OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

3 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
Asar nomiYapon she'riyatidan (hayku va tankalar)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Yapon adabiyoti
Boʻlimlar
   - Lirika
Uslub
   - She’riyat
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonXoldor Vulqon
Hajm41KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/05/07
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yapon she'riyatidan (hayku va tankalar)
Toʻplam

Soʻz Sehri (Xayku Xaqida)

Xayku yolgʻizlikni kuylaguvchi ixcham san’at asari boʻlib u tashvishlardan bezgan, noxaqliklardan, ozorlardan charchagan, gʻiybatlar paykonidan vujudlari gʻalvir, xorgʻin ruh egalarining chekinadigan uzlatgoxi, xilvatidir. Yapon shoirlari tabiat bilan uygʻun umr kechirib xaykular yozish uchun roxiblar kabi janda kiyib, xassa tayanib yovvoyi kaptarlar gʻuvillayotgan kimsasiz dalalar ortida,tumanli togʻ qishloqlaridagi chakalakzor oʻrmonlarda, vayrona ibodatxonalarning unut xarobalarida, yovvoyi gullar ochilib yotgan oʻngirlarda yolgʻiz yashaganlar va goʻzal, oʻlmas asarlarni yozib qoldirganlar. Xaykularda koʻp qirrali nimkosa ma’no, falsafiy mazmun yoʻq. Yapon shoirlari xaykular orqali goʻzal tabiat manzaralarini, yoxud narsalar xolatini yoki odamning muayyan ruhiy kayfiyatini aks etdirish orqali oʻquvchiga xayrat bagʻishlaydi, tuygʻularini ibtidoiylashtirib tabiatga yaqinlashtiradi, insonning hissiyotlarini sun’iylik gʻuborlaridan tozalaydi.Xaykularda aks etdirilgan manzaralarni koʻz oldingizga keltira olsangiz, togʻdagi qishloqda oy chiqishini sargʻayib kuzatayotgan dexqonlar holatini,butazorlar ortidan ohista koʻtarilayotgan toʻlin oyni koʻrayotganday, chigirtkalar chirillashini eshitayotganday, boʻlasiz. Tahayyul va tahayyur shu’lalariga yoʻgʻrilasiz. Quyida bundan olti asr avval yozilgan yapon xaykularini oʻz tarjimam orqali xukmingizga xavola qilarkanman,shunday ajoyib yapon shoirlarining xaykularini va tankalarini ona tilimizga oʻgirish menga ham nasib etgani uchun Janobi Haqqa hamdu sanolar aytaman.

Negaki, Paygʻambarimiz Sarvari koinot Hazrati Muhammad Sallolloxu A’layxi Va Sallam oʻz xadisi muboraklarida marxamat qilib: -Soʻzda sehr, she’rda hikmat bor - deganlar. Qolaversa, yapon shoirlari toju-taxt vasvasasi, fisqu fasod, shaxvoniyat va molu dunyo xirsidan yiroq oʻz xayku va tankalarida Ollox yaratgan dunyoning goʻzal manzaralarini aks ettirib bandalarga hayrat bagʻishlaydi, insonlar qalbida Olloh qudratining tajallosi boʻlgan tabiatning musaffo goʻzalligiga mehr-muhabbat uygʻotadi.

Yapon she’riyatidan Xoldor Vulqon tarjimasi.
1983 yil.

Bundan 600 Yil Avval Yozilgan Xayku Va Tankalar

Baland qoyadagi daraxtga yana
Ilinib qolibdi
Mening varragim...
Kobayasi Issa.
* * *
Ajoyib varrak koʻtarildi
Kambagʻalning tomi ustidan
Koʻm - koʻk osmonga...
Kobayasi Issa.
* * *
Oyning birinchi kuni, mening ushoqdek
Varragim boshqa varraklar bilan
Qoʻshilib likillar Edo[1] ustida...
Kobayasi Issa.
* * *
Sel toshqini.
Oh, qanchalar toʻlib oqmoqda,
Qal’a atrofidagi zovurlar!
Masaoka Siki.
* * *
Bahor seli.
Okeanga quyilmoqda
Boʻtana suvlar...
Yosa Buson.
* * *
Suv toshqini
Mushuk tushib ketdi oqimga
Sakrab oʻtolmadi bechora.
Xoro.
* * *
Bahor shamoli.
Yutoqib - yutoqib suv ichar sichqon
Sumida daryosidan...
Kobayasi Issa.
* * *
Qayiq ustida varaqlari
Tosh bilan bostirilgan kitob
Bahor shamollari esar...
Kito.
* * *
Bahor shamoli.
Turnalar oqarib xurpayar,
Qaragʻaylar orasida...
Raydzon.
* * *
Xuddi odamlarday daydib yuribdi,
Kaptarlar, chumchuqlar
Baliq ovi mavsumida.
Kobayasi Issa.
* * *
Baliq ovi mavsumida
Qisqichbaqa ishonqiramay
Oʻlchab yurar qumda oyoq izlarin...
Rofu
* * *
Gullagan sakuralar ichra
Fudziyama yuksalmish koʻkka -
Yaponiyada bahor!
Syou.
* * *
Uzoqdagi fudzi togʻlarin
Toʻsib qoʻydi yashil toʻnila
Yoshgina yaproq.
Yosa Buson.
* * *
Sholi ekish mavsumi.
Ox qancha qaygʻu, qancha tashvishlar
Quyilgan - a bu qoʻshiqlarga!
Kobayasi Issa.
* * *
Dexqon uxlar togʻ etagida.
Ketmonchaga boshini qoʻyib
Toʻrgʻay sayramoqda havoda.
Kobayasi Issa.
* * *
Sholipoya chopgani chiqdim.
Qush ham sayrab qoʻymas aqalli
Togʻ yonbagʻrida...
Yosa Buson.
* * *
Men bu yerni agʻdargunimcha
Ketib qopti dala osmonida
Suzib yurgan bir parcha bulut...
Yosa Buson.
* * *
Oqshom tutunlari.
Nogʻoralar zirillar gulxan tomonda
Chalinadi quloqqa qoʻshiq...
Ryota.
* * *
Kun uzoq choʻzilar
Koʻprikka qoʻnganicha turar tustovuq
Ketmaydi uchib...
Yosa Buson.
* * *
Kun uzundan uzoq,
Olisdan elas - elas eshitiladi,
Objuvozning horgʻin gʻijiri...
Yaxa.
* * *
Uzoqda uchmoqda bir gala oʻrdak,
Men ketmonchamni chayqayman.
«Gʻaq» etadi nimadir suvda...
Yosa Buson.
* * *
Oʻtloq uzra tutun choʻzilgan
Vaysashmoqda bir narsalar deb
Ikkita biya...
Kobayasi Issa.
* * *
Eh sen bulbul!
Loy oyogʻingni arttayapsanmi,
Olxoʻri gullariga...
Kobayasi Issa.
* * *
Bulbul sayrayapti
Har zamonda tashlab qahrli nazar
Mening kulbamga...
Kobayasi Issa.
* * *
Bulbul sayramoqda
Gox uyonga, gox buyonga oʻgirilib
Gullagan novdada...
Yosa Buson.
* * *
Bulutlarga shoʻngʻib
Va ularla uchib shamolga
Qaldirgʻochlar kelar bahorda.
Dakosu.
* * *
Dexqon ishlayotgan
Orol ustida ham
Toʻrgʻay qoʻshigʻi...
Kobayasi Issa.
* * *
Yashil javdarizor.
Toʻrgʻay koʻtarildi dala ustiga
Soʻng yana pastladi...
Onisura.
* * *
Narsalarni yoruqqa qoʻyib,
Kuzataman soyalar tugʻilishini
Kuzgi choshgoxda...
Kyosi.
* * *
Tong yorishar
Qoʻngʻiroqlar ovozi
Tumanlarga belanar.
Mansuo Basyo.
* * *
Fudzi togʻi,
Kuzgi osmonni teshib
Koʻtarilar yuksakka.
Onisura.
* * *
Kuz kechasi
Oʻraladi noʻnoq yoʻlovchi
Yupqa koʻylakka...
Kobayasi Issa.
* * *
Taralmoqda «o - o - o - ou!»
Mungli chorlov aks - sadosi
Tun qoʻynida daydiydi bugʻu...
Matsuo Basyo.
* * *
Kuzgi togʻda ibodatxona.
Ayvonda turgancha tingladim ma’yus
Bugʻu chorlovin...
Kobayasi Issa.
* * *
Bugʻu ovozi
Olisga jaranglab singadi
Ma’yus va ma’yus
Matsuo Basyo.
* * *
Tungi sovuq.
Menga juldur toʻnin qarzga beradi
Daladaga qoʻriqchi...
Matsuo Basyo.
* * *
Izgʻirin,
Uzoqlarda kasal turnani
Koʻrayapman men...
Yosa Buson.
* * *
Poʻsht - poʻsht, chirildoq
Xozir yonboshimga agʻdarilaman -
Qani, joʻnab qol - chi bu yerdan!
Kobayasi Issa.
* * *
Oʻchoq boshidagi kovakka
Chirildoq kirib olgan
Tungi sovuq...
Yosa Buson.
* * *
Kuz kelmoqda
Bu xaqda xabar olib,
Uchib keldi qizil ninachi.
Sirao.
* * *
Zogʻcha tutib oldim
Uning koʻzlariga qarab bildimki,
Kuz kelayotir.
Dakosu.
* * *
Ilgaklangan eshik -
Hovli sahnasida
Oʻynar xazonrez...
Teyga.
* * *
It xurmoqda
Ajratib qurigan xazon shitirin
Xovlida boʻron...
Sisey - Dzyo.
* * *
Oyoq ostidan chiqqach
Chiroyliroq boʻlib qoldi u -
Bujmaygan yaproq
Kyosi.
* * *
Nok archayapman, oqmoqda,
Xushboʻy,shirin tomchilar
Pichoq boʻylab yugirib...
Masaoka Siki.
* * *
Oppoq xrizantema -
Mana qarshisida toʻxtab qaychi ham
Qotib qoldi bir daqiqaga.
Yosa Buson.
* * *
Yangi bogʻ yaratdim
Nihoyat undagi toshlar namlandi
Birinchi qish yomgʻiri...
Syado.
* * *
Birinchi qish yomgʻiri
Maymun ham qarshilik qilmaydi
Kiydirsang chopon.
Matsuo Basyo.
* * *
Qanday qaysar odam!
Baliq tutar qish yomgʻirida
Qosh qoraygan chogʻ...
Yosa Buson.
* * *
Men shamolga qarshi yurayapman
Soyabonim ortga tortadi
Qishki yomgʻirlar vaqti...
Sisey - Dzyo.
* * *
Dexqon keng dalada
Menga yoʻl koʻrsatdi
Yulingan sholgʻom bilan...
Kobayasi Issa.
* * *
Tashlandiq hovuzda
Bir poy qamish shippak
Hoʻl qor yogʻmoqda...
Yosa Buson.
* * *
Tovuqlar katakda uxlashayotir
Bu vaqt qor yana qalinroq
Qoplayotir dalalar ustin
Kobayasi Issa
* * *
Shamol qalpogʻini uchirib
Savalaydi sellar beayov
Qoʻriqchi dalada...
Xagi - Dzyo.
* * *
Oydin kecha -
Naqadar ayanchli, naqadar baxsiz
Daladagi qoʻriqchi...
Masaoka Siki.
* * *
Daladagi qoʻriqchi
Hatto Xizr boʻlib kelganida ham
Boshdan olmas yevroqalpogʻin.
Dansuy.
* * *
Hoy, hovlida yana ne shovqin?
Bu qoʻriqchi, kuchli shamolda
Yerga qulab tushdi gursillab.
Bontyo.
* * *
Gʻoz, yovvoyi gʻoz,
Ayt necha yil uchding sarosar
Oʻrmonlar ortiga, dengiz ortiga?...
Kobayasi Issa.
* * *
Yovvoyi gʻozlarning galasi,
Gʻogʻolab pastladi yaydoq dalaga.
Kuchaymoqda tungi sovuqlar...
Kyoroku.
* * *
Qizilishton taqillatmoqda -
Kun botsa ham hamon tinmaydi
Hamon oʻsha eski joyida...
Kobayasi Issa.
* * *
Oʻchoq boshidagi kovakda
Kuylar tamom oʻzin unutib
Tanish chirildoq...
Matsuo Basyo.
* * *
Teshik soyabon -
Qishlov uchun qoʻl keldi juda
Koʻrshapalaklarga!...
Yosa Buson.
* * *
Sovuq tun
Jigʻimga tegishchun qoʻshnilar atay
Qozon taqirlatayotirmi?
Yosa Buson.
* * *
Sichqon chiqib borar
Koʻrpam yonidagi jinchiroq sari
Yogʻ ham muzlabdi...
Yosa Buson.

Matsuo Basyo yozgan xaykular:

Qorli tong.
Yana quritilgan baliqni
Yeyman shekilli yolgʻiz bir oʻzim.
* * *
Dengiz suvida suzib yurar
Mayda yaltiroq baliqchalar
Tutaman desang yoʻq boʻlib qolishar.
* * *
Sovuq shamollarda sholoplar eshkak
Yuragim siqilar
Tun yana koʻz yosh...
* * *
Shu qoyadan turib
Koʻm - koʻk dengizga
Qalpogʻimni uloqtiraman!
* * *
Qishki dala
Uzoqlarda yurar dexqonlar
Qolgan - qutgan choʻplarni yigʻib
* * *
Sochim oʻsibdi
Ozib ketdim, rangim olingan
Bugʻu oyidagi yomgʻir toʻxtamas.
* * *
Banan yaproqlari soʻlgʻin
Oyning porlab chiqishini
Sargʻayib kuzatar dexqonlar
* * *
Yoʻllar toygʻoq muzlama
Attang, toyib yiqildi
Shirakayf doʻstim.
* * *
Oʻlgan oʻgʻlin eslab yigʻladi ota
Soʻnayotgan gulxan choʻgʻlari
Oʻchib qoldi uning koʻzyoshlaridan.
* * *
Egnimdagi qogʻoz koʻylagimni
Ivitib yirtibdi
Bahor yomgʻiri.
* * *
Muzlagan olabugʻa baliqlari
Irjaytirib yotar tishlarin
Sovuq doʻkon peshtaxtasida.
* * *
Qaydasan sen, mening tayanchim?
Xassa qilib olgan choʻpagimni
Sindirdi kuzgi shamol.
* * *
Ufqlarga botmoqda quyosh
Kuzgi daryo suvlarida
Yaltillaydi mayda baliqlar.
* * *
Choponim yupqa.
Kun boʻyi oʻtirib undagi bitlarni
Terib oʻldirdim.
* * *
Juda qalin qor yogʻibdi
Endi Xakbinz togʻidan
Qanday oshib oʻtar odamlar?
* * *
Yosinodagi gullagan giloslarni
Koʻrsataymi senga,
Mening qalpogʻim?
* * *
Oxir quvib yetdim
Oʻtgan bahorni
Olis «Vaka» bandargoxida.
* * *
Voy bayov!.. Voy bayov!..
Yana nima deyish mumkin siz xaqingizda
Yosinodagi gullagan giloslar!
* * *
Ot ustida uxlab qolibman.
Uygʻonganda koʻrdim olisda oyni
Tongi tutunlar.
* * *
Qarayman, aylanar qorga
Qorongʻu kechada
Qishki yomgʻirlar.
* * *
Ustunlariga has - xashak ilingan
Koʻprik xayrlashayotir
Toʻlin oy bilan.
* * *
Qaydan keldi bu yalqovlik?
Bugun arang uygʻotishdi meni
Shovullaydi bahor yomgʻiri.
* * *
Qiziqamiz yonar qurtlarga,
Qayiqchidan umid yoʻq, u mast,
Toʻlqinlar qayiqni surib bormoqda.
* * *
Oydin qish kechasi
Qor bosgan yoʻllar,
Itga otay desam topilmaydi tosh.

Kobayasi Issaning yana ikki xaykusi:

Kechib oʻtdim sayoz va toshli,
Fe’ruzarang daryo suvlarin
Shippagimni qoʻlimga olib
* * *
Oydin kecha
Tiniq sholipoya suvida
Oqib yurar gilos gullari.

Kovaxigasi Xekigadoning ikki xaykusi

Suzayotir qora kemaday,
Sekin asta bulutlar aro
Togʻning choʻqqisi.
* * *
Shilliqqurtning sira
Chigʻanogʻidan chiqqisi kelmas
Kuzgi shamollar.

Masaoka Sikining ikki xaykusi

Gullagan Yamabuka soyasi,
Suv solingan qovoqda
Biltanglaydi kumushrang baliq.
* * *
Kimsasizlik.
Daraxt soyasidagi oʻrindiqda
Qaragʻayning igna barglari.

Nayto Meysesu yozgan xaykular (1847-1926):

Ogʻilxona ustida
Porlar yangi oy.
Olxoʻri gullabdi.
* * *
Qaytarib keladi oʻz ovozimni
Yana oʻzimga
Kuzgi boʻronlar.
* * *
Oy porlayotir.
Oyoq qoʻydim osma koʻprikka,
Lapangladi koʻprik gʻijirlab.
* * *
Yurmayotgan otining
Jilovidan tortar zoʻr berib
Aravakash sovuq kechada.
* * *
Eshitilar oyna ortidan
Dexqon ketmonining chiqirlashlari.
Shudgorda tosh koʻp.
* * *
Zilol suvli daryo,
Lapanglab oqmoqda
Suvga qulatilgan xodalar.
* * *
Tutunlarda koʻrinmay ketar
Sargashta roxib.
Olislarda yangrar qoʻngʻiroq.
* * *
Chugʻurchuqlar galasi
Uchib oʻtdi tepamdan.
Eshitdim qanotlar shuvillashini.
* * *
Menga sovgʻa berishdi,
Uyga olib ketyapman suvli kosada
Oltin baliqchani.
* * *
Qish yomgʻiri.
Xamma narsa jim.
Qirgʻoqdagi qayiq ham hatto.
* * *
Goʻyo itoatkor kapalakni oldiga solib
Xaydab kelayotganga oʻxshar
Soʻqmoqdagi yoʻlovchi.

Taneda Santoka xaykulari (1882-1940):

Shunday ketmoqdaman
Soʻzanakni qalpogʻimga
Qoʻndirganimcha.
* * *
Yolgʻiz oʻtiribman
Romlarga yelimlab
Yangi qogʻozni.
* * *
Qanday va qayoqdan qaramayin
Hamon yogʻayapti toʻxtamay
Yogʻayapti qor.
* * *
Chirildoqlar chirillar.
Berkinishning iloji yoʻq
Bu tovushlardan.
* * *
Hamon uchayapti
Kuzgi daraxtlarning
Yaproqlari sovuq shamolda.
* * *
Dam olib yotgan chogʻim
Qizil soʻzanak
Oyogʻimga qoʻndi oʻtloqda.
* * *
Yaxshilab chaynash kerak,
Hafsala bilan.
Guruch bu guruchda...
* * *
Sake ichib
Chirildoqlar bilan
Uxlab qolibman.
* * *
Yozgi sel shovqini
Yillar oʻtishi bilan men kabi
Qaribdi u ham.
* * *
Mana uchrashdik nihoyat,
Baland qoyalarda choy butalari.
Ular gullabdi.
* * *
Ayozli qish kechasi.
Sovuq izgʻirin.
Men qayerda tunayman endi?..
* * *
Qayoqqadir shoshar
Sovuq bulutlar
Cheksiz osmonda...
* * *
Dalada izgʻirin.
Toshlarni teraman
Kuzgi shamolda...
* * *
Qishki yomgʻirlar.
Nazarimda,
Oʻlmaganga oʻxshayman hali...
* * *
Qanday ivib ketdima!
Boyagina huv anavi,
Bulutlardan yoqqan yomgʻirda!..
* * *
Uzuliksiz kovshanaman.
Mening ovqatim -
Guruch kepagi.
* * *
Hoy,noinsof chigirtka!
Xaltadagi guruch oʻzi oz!
Ertagacha yesin...
* * *
Kechki ovqat yoʻq.
Kuzataman quyoshni
Togʻlar ortiga...
* * *
Oh, qanday ajoyib
Sel boshlanishi!
«Tuk - tuk - tuk - tuk»...
* * *
Yolgʻiz kapalak pildirab
Uchib aylanyapti.
Hamma yoqda tosh.
* * *
Oqshomda uyga qaytayapman
Qor ustini qoplab borar qor.
Taraladi sukunat xidi.
* * *
May oqshomi.
Baqalar qurillashi aro
Poyezd shovqini.
* * *
Ayvonda oʻltirib
Tongi shabbodada
Umebosi qiyomin yeyman...
* * *
Yolgʻiz va sokin
Jim - jit oʻngirlarning
Shaffof tonglari...
* * *
Iyul jalasi
Toshib ketdimi deymanda,
Samo toʻgʻoni...
* * *
Xotiralar uchib kelar
Qaydandir birdan
Oppoq yuvosh kapalak bilan...
* * *
Atrof togʻ oʻrmoni,
Boshim ostida tosh.
Va bulutlar kuzgi osmonda...
* * *
Tungi ibodatxonada
Tongacha mushuk
Oʻynaydi parvona kapalak bilan
* * *
Yoʻlda kasal boʻlib qoldim,
Mana endi tungi zulmatda,
Tinglayapman sel shovqinini...
* * *
Qorongʻi tushdi
Endi oydin togʻlardan
Axtaraman tunamoqqa joy
* * *
Naxot shu kul qolgan boʻlsa
Yoqib yuborilgan kundaligimdan?...
* * *
Tong pallasi yirik tomchilar
Nogʻora qilib chalar
Kulbaning tomin.
* * *
Burga chaqib uxlatmayapti...
Yulduz toʻla bepoyon osmon...
* * *
Dengizlarga tikilganimcha
Soxildagi oʻtloqda
Boʻshanaman, xojat qilaman
* * *
Bolakaylar oʻynab yuribdi
Qabrlar aro...
* * *
Oqshom qoʻngʻirogʻi jaranglar...
Oyoqlarim yurmay qoʻydi...
* * *
Kuzgi shamollarda
Ot sugʻoraman...
* * *
Choʻchqa menga tikildi,
Qiziqishdan ochilgan ogʻziga
Kirmoqda kuzgi shamol.
* * *
Kun boʻyi yomgʻir yogʻdi.
Men oʻyladim xasratga choʻmib,
Olislarda qolgan Vatanimni.
* * *
Yemish soʻrab miyovlar mushuk
Lekin hech narsa yoʻq unga bergani...
* * *
Buncha ham mazali
Boʻlmasa guruch.
Kavshanaman bir oʻzim oʻychan.
* * *
Oftob qizdirmoqda
Ustarada qirilgan
Taqir boshimni

Isikava Tokuboku (1886-1940)

Yarim kechasi koʻchada xayrlashayotib
Oʻpishgandik ikkimiz uzoq...
Olis kunlar yongʻini...
* * *
Turgenevning romanin
Poyezdda oʻqib ketayotib
«Isikari» dan oʻtib ketibman

Midzuxara Syuosi.

Koʻl uzra porlayotgan oyni,
Tomosha qilmas hech kim
Barcha sholi oʻrimida...
* * *
Binafshalar gulladi yana
Toptaldi soʻqmoqlar
Bahorgi oʻrmonlarda
* * *
Olmalar gullagan.
Boyagina yoqqan bahor selida,
Oppoq gul qopladi soxil suvlarin.
* * *
Oy porlar.
Qayinlar soyasi sezilmas,
Tumanlarga choʻmgan qayinzor
* * *
Bahorni kuzatayapman
Yomgʻirlarda shalobbo ivib
Bulutlar bilan yuzma - yuz, togʻda
* * *
Yomgʻirli kun.
Oqin boʻylab oqar xrizantemalar
Koʻrinmaydi bironta qayiq
* * *
Choy gullaydi baland qoyada,
Shom zulmati qoplagan togʻlar.
Olislardan koʻtarilar oy
* * *
Naxotki binafsha
Yolgʻiz gulladi
Tutzorda yana...
* * *
Qaldirgʻochlar chiyillab uchar,
Togʻlar orasidagi uyimning,
Tomi ustidan.
* * *
Xagi gullayotir
Asama togʻiga chiqaman
Bulutlarni qayrib...
* * *
Jarlar aro, toʻlqinlar uzra,
Chaykalarning ini yonida
Olxoʻri gullar...
* * *
Berkinadi oʻt - oʻlan ichra
Tunash uchun oʻtloq kakkusi,
Yaqinlashar tun...

Akutagava Ryunoske.

Xatto quyonning ham,
Quloqlari shalpayib qoldi
Qanday issiq xavo!
* * *
Mana tong otdi,
Qoʻshigʻini toʻxtatib birdan,
Chirildoq jimib qoldi
* * *
Togʻ etaklarida
Yumilib qolibdi sovuq ayozdan,
Choy gʻunchalari
* * *
Qishki yomgʻirlar,
Kanal qirgʻogʻidagi choyxonada
Yolgʻiz bir mexmon...
* * *
Bogʻ yoʻlakchasidagi
Koʻlmakda aks etar
Azaliya gullari...
* * *
Qish kechasi sovuq,
Yoʻlning ikki cheti
Bambuk oʻrmoni.

Natsume Soseki.

Men kasal yotgan xonaning
Bambuk pardasida
Kuzgi kapalak
* * *
Kuzgi daryo uzra,
Aks - sado yangrar.
Chayla qurishyapti uzoqda
* * *
Kuzgi daryo soxili,
Topib oldim silliq, yapaloq.
Oppoq qayraq tosh...

Nakamuro Kusado.

Gilos mevalari
Toʻldi qirmiz sharbatga
Biz oʻgʻil koʻrdik...
* * *
Qishki dengiz,
Oqayotgan gul pallalariday,
Suzar chaykalar
* * *
Osmonda yulduzlar,
Qayiq toʻla olma,
Uy tamon suzaman...
* * *
Koʻzaga suv quydim
Qoʻngʻiroqlar tovushin tinglab,
Yangi yil kechasida

Iida Dakotsu.

Pechkada oʻtin yonar,
Oyna orti - sovuq dengiz uzra
Chiyillaydi chaykalar...
* * *
Pechka eshigin ochdim,
Oxista, istamaygina
Yonadi koʻmir...
* * *
Shamolda chayqalib jaranglar
Eshigimga osilgan qoʻngʻiroq
Anor gullabdi...
* * *
Pashshaxonaga kirib yotibman,
Soʻnayotir kuzgi saharda
Oʻchoqdagi kechagi choʻgʻlar...
* * *
Namiqib boʻkdi tevarakdagi,
Quvrab qolgan kuzgi maysalar.
Yomgʻir quyar togʻlarni yuvib
* * *
Esar gʻarbiy shamollar,
Kirib kelar yomgʻir suvlari,
Ostonaga qadar oʻrmalab.
* * *
Inson qalbiga oʻxshar
Faqat bir narsa -
Kuzgi yonar qurt...
* * *
Qor koʻmib tashladi
Barcha yoʻllarni
Isinaman oʻchoqda yolgʻiz...


Nayto Meysesu.

Shaffof suvda
Qilt etmaydi mudroq baliqlar
Kuzgi shamol...


Takaxama Kyosi.

Qor ogʻirligidan qiyshaygan
Ogʻilxona tamonda
Maraydi sigir...
* * *
Guvillagan sovuq shamolni,
Koʻksim bilan qarshi olib.
Bir zumga unutdim qariganimni...
* * *
Men bugun xar doimgidan ham,
Qoʻproq achindim gullarga
Qish shamolida
* * *
Baland qoya toshlar aro
Koʻrinadi moʻ’jaz bir qishloq,
Qishki qaltis yoʻllar.
* * *
Ikkiga ayrilib
Olisga choʻzilar ikki ip -
Dala soʻqmoqlari
* * *
Xademay jimib qolar
Oʻtinchilar boltasi togʻda,
Kuzgi yomgʻirlar...
* * *
Uxlang Tokioliklar!
Birinchi qish yomgʻiri yogʻar,
Tungi jimlikda
* * *
Ariqchani loyqalatib,
Dexqonlar sholgʻom yuvar
Xafsala bilan...
* * *
Qishki boʻron.
Fonarning xira nuri,
Aks etadi paqir suvida
* * *
Moʻrini ochaman.
Qilt etmay osilib turar,
Kul ustida mudroq oʻrgimchak
* * *
Birinchi qish yomgʻiri,
Mening yuragimda umrbod
Qolar endi u...
* * *
Janub yoqqa uchib oʻtdi qush,
Tumshugʻida nimadir choʻqib.
Meva shekilli...
* * *
Mana, yana bitta chinor novdasi,
Yalangʻochlandi...
Chor - atrof jim - jit.
* * *
Oʻtinchilar qarar,
Togʻlardan turib,
Vodiylarda qolgan qorlarga...

Kovaxigasi Xekigado.

Oyogʻim ostida oʻralashib,
Oʻsgan maysalar aro
Chiyillaydi mitti joʻjalar
* * *
Men tun boʻyi xayku yozaman,
Xotinim esa
Nimanidir yamab - yasqaydi...
* * *
Oʻtloqqa chiqaman,
Qizgʻaldoqlar toʻzgʻir shamolda
Suqsirlar uchib oʻtar...
* * *
Kartoshka qaynataman,
Tovushsiz koinot boʻshliqlarida
Yigʻlar bolakay...
* * *
Qoraygan oʻchoq moʻrisi uzra
Aylanadi inga joy izlab
Qaldirgʻochlar baxorda...
* * *
Qishloqda bayram,
Qirmizi fonarlar yonar,
Bugʻu ma’rar olis zulmatda...
* * *
Suv charxpalagin aylantirishdan,
Charchadi odamlar
Sholi ekish mavsumida...
* * *
Bugʻda pishirilgan sholgʻomni
Suzmaga qoʻshib yeb
Oʻltirdim gʻamgin...
* * *
Sovuq suyagimdan oʻtib ketdi
Choshgox payti soxilda
Qaragʻaylar aro daydiyman.
* * *
Novdalari gulga burkangan
Bexi daraxti ostida
Gullaydi binafshalar.
* * *
Xuv ana, uzoqda
«Yosa» ning qishki dalalarida
Koʻrayapman qor qarqaralarin.

Isikava Takuboku.

Kasalxona derazasiga
Yaqin olib kelishdi meni.
Odamlarni koʻrib quvondim.
* * *
Oxiri uloqtirdim
Kuya yegan telpagimni men.
Olti yil kiydim uni.

Toki Dzemmaro.

Uzoqlarni koʻrsatdim barmogʻim bilan,
U yoqlarda, u oʻlkalarda
Oqib yotar Volga daryosi.
* * *
Uziliksiz, xuddi telbadek,
Oʻylayverdim achchiq tamaki chekib
Olis Sibir qorlari xaqda.
* * *
Qayta - qayta oʻqiyman koʻzlarimda yosh,
Yurakka yaqin Turgenevning bu kitobi.
Muqovasi sargʻayib ketgan...
* * *
Ox, necha bor oʻchdi papiros choʻgʻi,
Hasratli oʻylar -
Achchiq Rus tamakisi, qish...

Nasivaki Dzyundzaburo.

Kuzgi daryo qirgʻogʻi.
Uzun - uzun oʻt - oʻlan ichra
Baliq tutayotgan odam oʻltirar.

Saygyo Shye’riyatidan

Ex,agar bu dunyoda
Oy bulutga botmasa
Olcha gullari toʻkilmasa
Men yashayverardim
Dalalardan kelmay umrbod
* * *
«Yosino» togʻlaridagi
Olcha butoqlarida
Muzlab yotar qor
Olchalar gullashga
Kechikmasaydi...
* * *
Duvillab toʻkildi
Uzun - uzun oʻt - oʻlanlardan.
Billur shudringlar.
Kuzgi shamol guvillar
«Myagino» dalalarida
* * *
Nixoyat kuzgi osmonda
Qosh qoraygan on
Arang - arang yaltirab
Qoʻrindi uzoq kutdirgan,
Sogʻintirgan oy
* * *
Endi qandoq qilaman men,
Koʻylagimning namchil yengida,
Yalt etdi shu’la
Botib ketdi bulut ortiga
Kuzgi mayus oy
* * *
Kuz oqshomi, oydinda
Yoprildi bulutlar
Oy yuzin toʻsmoq uchun
Yoʻq, koʻzlarimni aldabdi
Gʻozlar galasining koʻlankalari
* * *
Osmonda oy yoʻq.
Chiqarmikin u?
Men ayvonda oʻltirganimcha
Uzoq kutdim
Oy chiqishin togʻli qishloqda
* * *
Kunduzgiday yop - yorugʻ kecha
Koʻlankam ham koʻrinmas.
Oy yaraqlab porlar
Borar manzilimni angladim
Qoʻngʻiroqlar tovushidan
* * *
Shudringlarin toʻkmay
Uzib oldim men
Gullagan Xagi butogʻini
Chigirtkalar qoʻshigʻin tinglab
Oy yorugʻida
* * *
Qora siyox bilan yozilgan
Xatlarga oʻxshab
Gʻozlar qanot qoqib
Gʻogʻolab uchar
Tungi osmonda
* * *
Oʻt - oʻlanlarni qayrib
Yurdim qaygʻuga botib
Shudringlardan ogʻirlashdi
Koʻylagim yengi
Chigirtkalar menga qoʻshilib yigʻlar
* * *
Baxor tumanlari,
Qayoqqa, qaysi tarafga
Uchib ketdi ekan qirgʻovullar?
Ular tuxum qoʻygan oʻtloqqa
Bolalar oʻt qoʻyibdi
* * *
Tuman qoplagan dala
Oʻraman oʻt - oʻlanni.
Tumanlar qaygʻuli
Bolaligim berkinib olgan
Xuv olisda, tumanlardan ham narida.
* * *
Tumanli tepaliklar tamonga
Berkingan qirgʻovullar
Uzoq - uzoqlardan
Qanotlar sharpasi
Sezilar menga
* * *
Tinchim yoʻqolgan
Qayerda, qaysi oʻngirda
Qaysi togʻ yonbagʻirida
Qaysi olcha
Gullar ekan birinchi boʻlib

Vakayama Bokusiy yozgan tankalar.

Vulqon poyida oʻsgan
Qaragʻay oʻrmonida
Oy kumush shu’lalar taratgan kecha
Tun boʻyi tinmay
Sayradi kakku
* * *
Eski kvartalda
Ufqdagi shom bulutlariga
Qarab toʻymayman.
Kechki soat vaqtin xabarlab
Qoʻngʻiroqlar jaranglar
* * *
Sajdagoxdan tushaman,
Zinama - zina, oxista.
Va quyuqlashayotgan zulmatda
Butun vujudim bilan
Xis qilaman bu kuz, bu tunni...
* * *
Oqshom xasrati!
Qirmiz koʻmirlarga sochgin
Ozgina sake
Xushboʻy koʻkatlarning xidiga
Toʻlib ketar oʻshanda xonang.
* * *
Mudroq togʻlar
U yoqda togʻlar poyida esa
Mudraydi dengiz
Qirgʻoq boʻylab sayr qilaman
Baxor quvonchiga toʻlib vujudim
* * *
Yarim kecha oydinda
Uyga qaytaman.
Soʻng zinapoyada toʻxtayman
Yengimdagi archa ignabarglarin
Qoqib tushirmoq uchun.
* * *
Bulutlar tarqadi
Men Asama choʻqqisidagi
Soʻqmoqlarda daydiyman
Vulqon moʻrisi ustida
Bulut parchasiga oʻxshagan tutun
* * *
Dengizga termuliman
Eshitaman qirgʻoq kuylashin.
Toʻlqinlar gumbirlar
Gox koʻkka sapchib, goxida pastlab
Yuragimni toʻldirar gʻamga
* * *
Derazani ochaman
Yuzlarimni silar quyoshning
Muloyim nuri.
Uzoq kutgan edim, nixoyat
Keldingmi, oltin kuz!
* * *
Dud burqsigan oʻchoq
Tutun xidi kelar
Kurujkadagi qaynoq suvdan
Togʻdagi qishki kulbada sovir
Gʻaribgina kechki ovqatim
* * *
Daraxt shoxlari aro
Porlaydi qishki quyosh,
Yuzlarimga tegar
Uning nurlari
Yoritadi, lekin isitmas!
* * *
Men uzoqqa ketdim.
Va dengiz soxilida
Tunamoqchi boʻldim
Endi yotgan edim yarim kechasi.
Quydi daxshatli jala.

Yosii Isamu.

Qumli qirgʻoq.
Baliqchi qayigʻiga oʻtirib olib
Seni olaman qoʻynimdan -
Muxabbat xaqidagi qissa,
Цexrlanib qoldim sen bilan
* * *
Toʻlqin yugirib
Sholoplab qaytdi
Qumdagi men yozgan xatni oʻchirib.
Kim oʻchira olar, ayting kim,
Motamzada Xatni yurakdan?
* * *
O, naqadar orziqar yurak!
Qumtepa kechasi tushar yodimga.
Dengiz gʻalayoni olisda
Chaykalarning gʻamgin shovqini.
Pichirlab aytilgan sevgi izxori...
* * *
Naxotki shunchalar mayda,
Arzimas xavotirlarim mening
Xayajon, tashvishlar
Naxotki men unutsam ularni.
Bir ikki qadax vinodan keyin
* * *
Oyoqlayotir
Yoshlik yana muvaqqat ishrat.
Endi ular bu xayotda
Xech qachon takrorlanmas
Kuchaymoqda kuzgi shamollar...
* * *
Xushboʻy tamaki xidi
Suzar xavoda
Daydiyman gʻamgin
Qingʻir - qiyshiq jinkoʻchalarda.
«Gion» xavosidan simirib yolgʻiz...
* * *
Poytaxtda ayoz,
Muzlab qolmadimikan Uchib ketayotib
Qoʻngʻiroq jarangi
Asta valdirayman
Sovib qolgan soke ustida...
* * *
Bilganimda edi oʻshal derazadan
Tumanli zulmatlar aro porlagan
Fonarning xira yogʻdusi aro
Sukunatli tunda oynasini
Taqillatgan boʻlardim albat.
* * *
Xech kim kelmas
Soʻppaygan yolgʻiz qabrimni
Ziyorat qilmoqqa koʻzyoshi toʻkib.
Oʻlganingdan keyin unutilishingni
Oʻylamoq qaygʻuli...
* * *
Eshitdim, Bokusiy tark etibdi
Bu telba dunyoni.
O, kuz bunchalar mayus,
Xattoki yurt ba yurt daydib yursamda,
Xayto yeb - ichsamda, xuzurlansamda!..
* * *
Kamdan - kam odamga nasib qiladi
Totmoqlik namxush qaygʻuni -
Lablar bilan xis qilmoq
Tinimsiz ichilgan sake ta’mini
Xayot va mamotning chegarasida...
* * *
Fevral oyi,
Eshitaman olis qaldiroqlarni
Baxorning birinchi aks - sadosin.
Qor yogʻayapti. Men Krab chigʻanogʻida
Sake qaynatyapman, yolgʻiz bir oʻzim
* * *
Qayerda, qanday va qachon,
Tark etarkinman bu dunyoni men
Men xayotim xaqida oʻylayman.
Oʻlimim xaqida fikr qilaman
«Ino» tekisligida, oydinda
* * *
Xasratli iztirob!
Oʻchoqqa oʻt qalayman.
Va tun boʻyi oʻltirib
Xasratli oʻyga choʻmaman
Qizargan koʻmirlarni kovlab, agʻdarib...
* * *
Sening fikringa qoʻshilmagan
Odamlarni savalash shartmi.
Yaxshisi xivich olib
Oʻz - oʻzingni savalab
Mamataloq qilgan yaxshiroq...
* * *
Xasratli qaygʻular!
Bugun yana oʻchoqdagi koʻmir choʻgʻida
Sake isitaman -
Kundan kun tobora qishga
Singib borayotir «Nirao» darasi...

Ito Satio.

Men yomgʻirli tunda
«Pion» gullarini sogʻinib ketdim.
Va fonarimni olib
Tashqariga chiqdim yomgʻirda daydib,
«Pion» larni koʻrib kelmoqlik uchun.
* * *
Zulmat quyuqlashdi
Men derazani yopmay
Jinchiroq yoqdim.
Qarasam, chiroq yogʻdusida darcha ortida
Tovlanib turardi «Pion» gullari...
* * *
Koʻrayapman - tosh ustin yopib,
Va daraxtning poyini qoplab,
Goʻyo birgalashib, yigʻilib,
Xamkorlikda chirpiramoqqa
Xozirlanar bargi xazonlar...
* * *
Yeru osmon
Tong otguncha uyquga ketar
Zulmat quyuqlashar
Va bepoyon dengiz ustidan
Koʻtarilar qip - qizargan oy...

Simaki Akaxiko.

Gullayotgan oʻtloqlar aro
Oʻt - oʻlanli soʻqmoqdan yurib
Keldim olis bugʻdoyzorga
Va dedim oʻzimga oʻzim «Jim - jitlik!»
Oʻrdak gʻaqilladi menga javoban...
* * *
Yarim kecha
Quyuqlashgan tumanlar aro
Sizar yogʻdular -
Va sirgʻalgan oy shu’lasida
Gʻira - shira jilvalanar suv...
* * *
Oʻrmon sayxonligidagi
Sichqonli oʻtloqlarda
Oʻltirdim uzoq
Togʻli oʻlka bilan xayirlashyapman.
Qaygʻuli va ogʻir bu yurak uchun
* * *
Xira yorishmoqda tong,
Iliq koʻl suvlarin bugʻlatib.
Va tumanlar navbat ba navbat
Suzib kelar
Koʻl ustin qoplab...
* * *
Chiroq shu’lasiga talpinganicha
Tungi parvonalar aylanar uchib,
Uyda, men bilan yonma - yon,
Bolalarim uxlar
Eski - tuskilarga oʻranib, qotib...
* * *
Yomgʻir tindi.
Shundan boʻlsa kerak,
Xavo muzdek,
Guruch qogʻozining qirgʻoqlarida,
Yonib tugayotir botish shu’lasi...
* * *
Tungi koʻchalar,
Soʻngan kullar qurumi bosgan
Oʻchoq moʻrisining qirgʻoqlarini
Qirov bilan bezaydi
Izgʻirin ayoz...
* * *
Uzoqlardan,
Tun qa’ridan eshitilar
Toʻlqinlarning boʻgʻiq shovqini.
Daraxtlar soyasi choʻzilib yotgan
Oydinda raqs tushar dexqonlar
* * *
Yozayapman, yozayapman,
Qorongʻi tushsada
Xatto chiroqni yoqish uchun ham
Oʻrnimdan turgim kelmas
Yolgʻiz qarshilayman oqshomni shunday...
* * *
Dalalarda erib ketdi qor,
Qoʻngʻir tuproq yalongʻochlandi.
Va osilib turar yer uzra
Botayotgan quyosh lappagi
Koʻrinishi kichik va sovuq...


Nagatsuka Takasi.

Dala ortidagi zovurda
Boshlarini chiqarib suvdan
Baqalar kuylaydi.
Siyrak oʻrmonda esa
Kalinalar gullabdi oppoq.
* * *
Uy oldidagi bogʻda
Salqin tumanlar
Tongi gʻira - shirada
«Badyan» shoxlaridan toʻkilgan
Xazonlarni supuraman jim.
* * *
Loviya palaklari
Yigʻishtirib olingan.
Kuzgi daladagi
Toʻrsaygan kulrang tikanlar aro
Chigirtkalar chirillar gʻamgin...
* * *
O,Kameliya guli,
Muzlab sovqotding,
Sovuq shamolda
Senga xech kim achinib boqmas.
Oʻxshash bizning taqdirlarimiz...
* * *
Bugun tunda jarangdor
Ovoz bilan kuylar chirildoq.
Qayerdadir, shu yaqin atrofda -
Balki, misol uchun, oshxonada, yoki
Sabzovot solingan toʻrvada kuylar...


Koidzumi Tikasi

Botayotgan kunning shu’lasi
Qirmizi yongʻinday shomgi togʻlarda.
Bambuklarning qoraygan
Soyalari esa aks etar
Qogʻoz devorda...
* * *
Yomgʻir tindi.
Botayotgan quyosh boʻzarar
Bugʻ koʻtarilib
Suza boshlar, xovuz ustida
Gullaydi noklar...
* * *
* * *
Qoʻshnilar meni
Bugʻli xammomida choʻmilishga
Taklif qilishdi.
Qaytayotib osmonga boqdim.
Uchqunladi qor...
* * *
Qadrdon doʻstimni
Ziyorat qilgani bordim
Romashka gullari
Juda erta ochilibdi
Chetan devorli, bogʻlarda.
* * *
Fonarni oʻchirib
Boraman tong saxar chogʻi.
Va koʻraman olisda
Oppoq tumanlar
Yumalanib suzar yer uzra...


Syaku Tyoku

Boʻm - boʻsh yoʻl.
Quyiladi atrofga jimlik
Qichishadi burun katagim
Yoqilgan gulxanning achchiq dudidan.
Choy qaynatyapman...
* * *
Qalbda xotirjamlik!
Baxor boʻronidan soʻng
Xamma narsa tinchlandi, mana,
Eshitila boshladi koʻchada yana
Yogʻoch kovushlarning toʻqillashlari...
* * *
Bulutlardan sizib oʻtayotgan
Oyning xira yogʻdusida
Toshayotgan daryo kechuvidagi
Sholipoyalar aro
Boʻqoq tortgan sholilar xidi...
* * *
Togʻdagi qishloq
Qor bosgan daraxtlar.
Jimlik, sokinlik.
Odam ham, it ham koʻrinmas
Qargʻalar yuribdi uylar oldida
* * *
Mana, yana qaytib keldim men,
Oʻsha togʻlardagi pastak kulbamga
Oshxonada yangrar
Gʻaroyib qoʻshiq.
Bu yangi hamxonam - qora chirildoq...

  1. Edo - Tokioning eski nomi.