OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Togʻay Murod. Er-xotin (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTogʻay Murod
Asar nomiEr-xotin (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Togʻay Murod
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/05
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Er-xotin (hikoya)
Togʻay Murod

Yoʻq, ular Anhor boʻyida uchrashmadi. Uchrashuvda oʻziniki qilib aytish uchun kitoblardan she’rlar koʻchirib olmadi. O, men seni sevaman, sensiz yashay olmayman qabilidagi mavsumiy soʻzlarni soʻzlashmadi. Lablar topishganda qizning uzun tovoni yerdan sal koʻtarilmadi. Yoʻq, yigit qizni bezorilardan qutqarib qolmadi...

Yaxshi shoir Oʻrolboy koʻrpaga burkanib, ishqiy she’r bitdi. Misralarini farzandiday ardoqlab, voyaga yetkazdi. Beixtiyor oʻzining birinchi muhabbatini — sinfdoshi Xolbuvini esladi... Qorongʻini quchoqlab, Xolbuvini bagʻriga bosganday boʻldi. Koʻngliga oqshomday ma’yuslik choʻkdi. Toʻshakdan imillab turib, timirskilanib borib chiroqni yoqdi. Birinchi kitobini varaqladi. She’rlari koʻziga juda bachkana koʻrindi. Yuzlarini bujmaytirib, kitobni karavot ostiga otib yubordi...

Yoʻq, shoir avvalo oʻzining shoh asarini yaratishi lozim ekan. Oʻrolboy mana, oʻttizga toʻlibdiki, shoh asari haqida oʻylab ham koʻrmabdi. Buyuk asari qolib, ikkinchi darajali asarlari bilan ovora boʻlibdi...

U zoʻr pushaymon bilan oʻziga qayliq izladi. Topdi: oddiy tikuvchi Barchinoy. U Barchinoy bilan soxta boʻlsa-da, jilmayib gaplashib, shahar istirohat bogʻiga bordi. Yarim kilodan muzqaymoq yeyishdi. Oʻrolboy boʻlajak kayligʻining koʻzlariga tikilib... koʻngliga doir hech nimani his etmadi. «Hayotda juft boʻlib yashash kerak ekan, ilojimiz qancha», dedi ichida. Soʻngra, oʻz gapini oʻzi ma’qullab, bosh irgʻadi. Barchinoy esa hatto uning shoirligiga ishonmadi: «Poeziya degani nafosat, joziba-ku, shoirning oʻtirishini qarang...»

Qiz, u meni pisand qilmayapti, degan xulosaga ham keldi. Shunday boʻlsa-da, toʻyga rozilik berdi. Chunki uning ham yoshligi oʻtayotgan edi...

Toʻy restoranda boʻldi.

Nihoyat, shoh asar yaratildi! Chaqaloqni derazadan koʻrsatdilar. Oʻrolboy iljayib, oʻgʻliga termuldi: «Ana buyuk asar, ana! «Anna Karenina»! Yoʻq, «Xamsa»!

U buyuk asariga soʻnggi nuqtani qoʻygan adibday yayrab, kerishdi.

Oʻrolboy yaxshi kunlarning birida kechasi uzoq oʻti-rib she’r yozib, kech yotdi. Ertasiga tushda uygʻondi. Balkonga chiqdi. Havo juda sof, sayrbop... U oʻylab, Vasiliy Shukshinning «Qizil bodrezak» filmini hali koʻrmaganini esladi.
— Kiyin, kinoga boramiz, — dedi Barchinoyga.

Barchinoy yangi moda boʻlgan kamzul-shimini kiyib chiqdi.

Oʻrolboy qovogʻini uyub, uf-f, deya tizzasiga urdi:
— Barchinoy, men ayolimni atlas koʻylakda koʻrishni xohlayman!
— Shoirga qolsa-ku, koʻp narsalarni xoxlaydi.
— Ayol ayolday boʻp yursa-da.
— Yuring, kechikamiz.
— Bormaysan, oʻzim boraman.
— Ajab boʻpti, obormasayiz obormang.
— Nimaga gapni aylantirasan? Men senga gapiryapman!
— Voy, ja-a qiziqsiz-a, bir manda bormi shunaqa kiyim? Hamma madaniyatli xotinlar kiyishadi-yu...
— Anovi atlaslar madaniyatga yot matomi? Qaysi mamlakatda shunaqa mato bor? Senlar noshukur: peshonangdagi madaniyatni koʻrmaysanlar...
— Siz doim shunaqasiz. Topgan gapingiz — oʻzbek atlasiga butun jahon xaridor, Samarqanddagi tarixiy binolar jahonda yoʻq. Unaqa-bunaqa...
— Bas qil!
— Ho-o, bas qilmasam qoʻliyizdan nima keladi...
— Kelmaydimi, kelmaydimi?

Oʻrolboy shiddat bilan irgʻib turib, angraygan Barchinoyning yuziga tarsakilab yubordi.

Barchinoy divanga uchib tushdi. Yuzlarini qoʻllari bilan yashirib yigʻladi.

Oʻrolboy unga birpas angrayib qarab turdi-da, torgina ishxonasiga kirdi. Stulga oʻtirdi. Sochlariga barmoqlarini botirib, koʻzlarini yumdi.

U ayol zotiga birinchi marta qoʻl koʻtardi...

Barchinoy oʻpkasini bosolmay yigʻlab yotdi. Uxlayotgan oʻgʻli yigʻladi. Toqati toq boʻlib, oʻrnidan turdi. Yuzlarini yuvib artdi. Oynaga qarab, bir seskandi. Chap yonogʻi koʻkargan edi. U alamidan lablarini burib yana yigʻladi. Oʻgʻlini bagʻriga oldi. Oʻgʻli ovunib, muloyim lablari bilan uning koʻkraklarini soʻra boshlab edi... koʻngli yorishdi. Koʻkargan joyining ogʻrigʻi qolganday boʻldi. Oʻgʻlining siyrak sochlarini silab, peshonasidan oʻpdi: «Oʻgʻlim, oʻylagan edim-a, koʻngilsiz turmush boʻlmaydi deb. Mana, aytganim keldi».

Barchinoy derazadan osmonga qarab xayol surib oʻtirdi. Oʻgʻlini uxlatib oʻzi ham yotdi. Eri bosh qoʻyadigan yostiqni mushtlab-mushtlab qappaytirdi. «Yolgʻiz oʻzi yotmaydi, baribir yonimga yotib, ovutish uchun bagʻriga bosadi, erkalatadi...»

U shunday xayol qila-qila teskari oʻgirilib uxlab qoldi.

Ertalab tursa, yonida eri yoʻq. «Hatto yonimga kelib yotmadiyam. Meni koʻrgisi yoʻq. Boʻldi, endi boʻldi. Ketamiz, oʻgʻlim, ketamiz. Koʻngilsiz turmush baribir turmush boʻlmaydi», dedi.

Oʻkinch ham alam bilan orqasiga burilib qaradi: «Aqalli xonasidan chiqib, koʻngil uchun bir ogʻiz ketma, demadi-ya. Kishloqiligiga bordi-da... Hech boʻlmasa, oʻgʻli bilan xayrlashmadi-ya. Shunchalik joniga tekkan ekanman, shu kungacha bilmabman».

Eshik qoʻngʻirogʻi jiringladi.

Barchinoy eshikni istar-istamas ochdi. Ostonada Oʻrolboyning qishloqda yashaydigan togʻasi bilan ikki notanish odam turdi.

Barchinoy zoʻrgʻa jilmayib, mehmonlarni ichkariga taklif etdi.

Oʻrolboy chiqdi. Mehmonlar oʻtirdi. Soʻrashdilar.
— Ertaga qurultoy ekan, shunga kelib edik. Bir koʻrib ketaylik deb... — dedi, togʻasi.
— Yaxshi, yaxshi, — dedi Oʻrolboy soxta jilmayib.
— Ha-a, ishlar yaxshimi oʻzi, shoir? She’r planlari qalay boʻlayapti? She’r planlarini oshirib bajarayapsizmi? Mana, biz paxta planlarini yuz ellik protsentta bajardik. Biz haqimizda ham she’r yozing endi...

Oʻrolboyning togʻasi dala ishlarini gapirayotib, dasturxon tuzayotgan Barchinoyning yuzidagi koʻkarigʻni koʻrdi.
— E, yuzga nima boʻldi, kelin?

Oʻrolboyning yuragi shuv etib ketdi. Iris qogʻozidagi kuchukchaga tikilib, bir daqiqa nafas olmay qoldi.

Barchinoy jilmayib, koʻkarigʻni siladi:
— Hozir yangi uylarga manavunaqa linolium toʻshaladi. Bu oʻlgur yuvsa sirgʻanchiq boʻlib qoladi. Kecha yuvayotib deng, sirgʻanib ketib, yuzim bilan tushsam boʻladimi...
— Uh, chuq-chuq, ehtiyot boʻling-e, ish ado boʻlarmidi...

Oʻrolboy entikanidan nafasi titrab ketdi. Boshini yanada egib, qizardi. Barchinoy ham qizardi. Turayotib, mehmonlarni dasturxonga unnadi:
— Olinglar, olib turinglar. Oʻrolboy aka, choydan quying.

Oʻrolboy shundagina oʻziga keldi. Boʻsh piyolalarga choy quyib, qani, olinglar, dedi.

Mehmonlar haligiday arzimagan falokatlardan kelib chiqadigan baxtsizliklar haqida eshitgan-bilganlarini gapirib oʻtirdilar.

Barchinoy ovqatni olib keldi. Dasturxonga bolgar konyagi bilan shampan vinosini qoʻydi.
— Manavilarni quying, Oʻrolboy aka.

Oʻrolboy qadahlarga konyak quydi. Togʻasi boshi bilan Urolboyni koʻrsatib, Barchinoydan soʻradi:
— Shoir qalay, kelin?
— Yaxshi, juda yaxshilar.
— Agar sal yomonligi boʻlsa aytabering, gapirishib qoʻyamiz?
— Yoʻq, nega endi, yaxshilar. U kishini oyimlaram maqtaydilar...

Oʻrolboy yon-veriga alangladi. Mehmonlarning olishini kutib oʻtirmay, qadahdagi konyakni bir koʻtarib ichib qoʻydi. Barchinoy eriga tuzlangan bodring uzatdi. Eri konyakning zoʻrligidan koʻzlarini yumib, bodringni oldi.

Mehmonlar oʻzoq oʻtirib, ularni qishloqqa taklif qilib ketdi.

Oʻrolboy mehmonlarni kuzatib qoʻyib, ishxonasiga kirdi. Yigʻma karavotga chalqancha yotdi. Qoʻllarini chalishtirib, boshi ostiga qoʻydi. Oʻtgan voqeani shoirona mushohadaladi... Yuzlarida tabassum oʻynadi. Irgʻib turib, derazadan tashqariga qaradi. Ikki kaftini bir-biriga zavq bilan ishqadi. Papiros chekaverib-chekaverib sargʻayib ketgan tishlarini koʻrsatib, iljaydi. Orqasiga keskin burilib, mehmonxonaga kirdi. Barchinoy yoʻq. Eshik tarafga yurdi. Barchinoy eshik oldi-da qovogʻini uyub, lablarini choʻchchaytirib, aravachada oʻtirgan oʻgʻlini choyshabga oʻradi.

Oʻrolboy uning qoʻlini ushladi.
— Qoʻy endi, odam qiziganda nimalar qilmaydi.

Barchinoy uning yuziga qaramay, qoʻlini siltab tashladi.
— Barchinoy, bilasan, shoir xalqining asabi yomon...

Barchinoy indamay, yana eshikka qoʻl choʻzdi. Shunda, Oʻrolboy uning qoʻlidan ushlab, yana oʻziga qaratdi-da, belidan mahkam quchoqlab... oʻzi koʻkartirgan oʻsha yonoqlaridan oʻpdi. Lablarini Barchinoyning lablariga uzoq bosib turdi.

Barchinoy erining boʻyniga osilib... yigʻlab yubordi. Uning koʻzlaridan oqayotgan iliq yoshlar erining boʻyniga tomdi...

Oqshom bir-biriga tikilib, yuzma-yuz oʻtirdilar.

Oʻrolboy mehmonlardan qolgan konyakdan bir qadah ichdi. Barchinoyga termuldi. Olis termuldi... Barchinoy koʻzlarini olib qochdi. Koʻzlari uchrashib, bir soniyacha tikilib qoldilar. Oʻrolboynnig qalbida ayoliga shunday iliq, ma’sum tuygʻular koʻpirib toshdiki... Bu tuygʻular oʻsha sinfdoshining koʻzlari bilan koʻzlari uchrashganda... Ha-ha, oʻshanda shunday koʻpirib toshgan edi...

1970