OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTogʻay Murod
Asar nomiMomo Yer qoʻshigʻi (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Togʻay Murod
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm177KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/08
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Momo Yer qoʻshigʻi (qissa)
Togʻay Murod

«Momo Yer qoʻshigʻi»; qissasi birinchi marta «Qoʻshiq»; nomi bilan «Yoshlik»; jurnalida e’lon qilinadi («Yoshlik»;, 1987, 3-son). Qissaning toʻliq varianti shu yili kitob shaklida chop etiladi (Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyoti, 1987). Asarning yozuvchi tomonidan qayta ishlangan yangi varianti esa 1994 yilda nashr qilinadi («Ot kishnagan oqshom»;. «Sharq»; nashriyot-matbaa konserni Bosh tahririyati, 1994).

1

Xumor momoga kun tugʻdi.

Yolgʻiz oʻgʻil askardan kelar boʻldi.

Ostonasidan suyunchixoʻr arimadi.

Xushxabar olib kelguvchilar biroviga toʻn yopdi, biroviga belbogʻ oʻradi, biroviga doʻppi kiygizdi.

Yolgʻiz oʻgʻildan borini ayamadi.

Qoʻli sandiqda boʻldi.

Koʻzi ostonada boʻldi.

Askardan qaytmish oʻgʻildan darak boʻla bermadi.

Shunda, momo koʻngliga tahlika tushdi. Chin-da, yoʻl azobi — goʻr azobi. Yoʻlda nimalar boʻlmaydi.

Cholini otlantirib, yoʻlga chiqarayin, dedi.

Choli qirda yotib arpa oʻradi. Ikki-uch kunda oʻroqchilarga suv olib borish uchun bir kelib ketadi.

Bechora choli hali eshitmadi. Eshitsa, ot qoʻyib keladi.

Xumor momo qoʻlini qoshi uzra soyabon qildi. Choli arpa oʻrmish qirga qaradi. Oʻgʻli kelmish Denov yoʻliga qaradi.

Intiho, askar keldi.

Xumor momo koʻchaga chiqar boʻldi. Kalishini izladi. Tegrasiga alangladi. Topolmadi. Yalang oyoq chiqqani ep boʻlmadi.

Bu, suyunchixoʻrlar ishi ekanini bildi. Kulib tura berdi. Kalishini soʻrovchi boʻldi.

Tevarakda yurmish hamsoya-qoʻllar, xesh-taborlar yelka qisdi.

Hovli darvozasi oldida turmish Mardon juvozkash aytdi:
— Suyunchisiga biror nima atamasangiz, kalishingiznida bermayman, darvozanida ochmayman. A? Yoʻq, Mardon juvozkash borning bolasi, mayda-chuydalarga uzatgan oyogʻinida yigʻmaydi, ha!

Juvozkash darvozani ichidan zanjirlab oldi. Darvoza tirqishidan odamlar qora berdi.

Oʻgʻli ostonadaligini koʻrmish momo, endigi ataydigani oxirgi suyunchi ekanini bilmish momo, uch yildan buyon oʻgʻlini sogʻina berib, yurak-bagʻri ezilib yurmish momo, yoʻqchiliginida esidan chiqarib qoʻydi. Qisir qolmish molini atab yubordi:
— Anavi molimni atadim, bor-e! — dedi. Shundan keyin juvozkash qoʻynidagi kalishni momo poyiga olib kelib qoʻydi.

Momo kalishni oyogʻiga yoʻl-yoʻlakay ildi. Darvozaga talpindi.

Juvozkash darvozani ochdi.

Ostonada askar turdi.

Momo oʻzini oʻgʻli bagʻriga tashladi. Yuzini oʻgʻli bagʻriga bosdi.

Askar momoni quchoqlab oldi. Bir-ikki marta yerdan koʻtarib oldi.
— Raz-raz-raz! Ti poxudela, mamashka, da! Nu, starostʼ — ne radostʼ! — dedi.

Momo beli zirqirab ketdi. Ammo tevarakdagilarga sir bermadi. Dardi ichida boʻldi.

Oʻgʻli qiligʻini sogʻinishga yoʻydi.

Yuzlarini oʻgʻli koʻkragidagi nishonlarga suykadi, hoʻngrab yigʻladi.

Askar onasini yupatdi:
— Nu, mamasha, nu, xvatit! — dedi. Askar, boshi uzra sochqilar sochildi. Bolalar sochqi terdi.

Askar sochqilar ostida ichkariladi.

Odamlar davra boʻldi. Hol-ahvol soʻra-soʻra boʻldi.

Askar bosh irgʻadi. Loʻnda-loʻnda javob berdi:
— Da! Nichego! Spasibo!

Askar davraga alangladi. Onasidan soʻradi:
— Mamasha, gde papasha?

Xumor momo davraga jovdirab qaradi. Oʻrischani chala-chulpa bilongʻich juvozkash tilmoch boʻldi.
— Otasini soʻrayapti, xola, — dedi.
— Ha-a, otangmi? Qirga arpa oʻroqqa ketib edi. Hali-zamon kelib qoladi.

Askar bosh irgʻadi:
— Arpa oʻrganskiy-da? Nichego, pridyot! — dedi. Xumor momo oʻgʻli poyqadamiga osh berdi.
— Toʻy otasi qirdan qaytganda boʻladi, — dedi.

2

Askar ertalab badantarbiya qildi. Beligacha yalangʻoch boʻldi. Hovlini aylanib chopdi. Oyogʻini koʻtardi, bebilchagini peshonasiga tekkizdi. Qoʻllarini yerga tiradi. Yotdi-turdi, yotdi-turdi.
— Raz-dva-tri!.. Jivo, serjant Orziqulov! — dedi. Kun terak boʻyi boʻldi.

Askar xolasi doʻpposday oʻgʻlini ergashtirib keldi. Askar xolasiga peshvoz yurdi. Oʻng qoʻlini chakkasiga qoʻydi.
— Serjant Orziqulov! — dedi. Koʻrishish uchun xolasiga qoʻl uzatdi.

Xolasi askar qoʻlini emas, oʻzini bagʻriga oldi. Askar jiyaniga qarab qoʻlini chakkasiga qoʻydi.
— Serjant Orziqulov! Kak tvoya imya? Bahrom? Znachitʼ, Borya, da? — dedi.
— Yoʻq, Bahrom, — dedi jiyan.
— Net, Borya! Bahrom, otstaloe imya! Borya sovremennaya! Ryadovoy Borya!

Jiyan, togʻa boʻlmish gapiga tushunmadi. Onasiga jovdirab qaradi.

Onasi oraga tushdi.
— Jiyaningiz hali askar boʻlmadi. Oʻzbekcha gapirmasangiz, tushunmaydi, — dedi.
— Nu-nu, pora znatʼ, pora!

Askar chalqancha yotdi. Oyoqlarini chalishtirdi. Barmoqlari bilan koʻkragiga chertdi. Oʻzicha xirgoyi qildi:
— Ay lavyu, ay lavyu... Ya vas lyublyu, ya vas lyublyu...

3

Kun oqqanda askar otasi qirdan enib keldi.

Otini darvoza oldida qoldirdi. Qamchini belbogʻiga qistirdi.

Ichkari ravona boʻldi. Kulimsib-kulimsib qadamladi, quchogʻini ochib-ochib qadamladi. Oʻzicha gapirib-gapirib qadamladi.
— Qani, askar kelibdi-da, qani...

Askar otasiga peshvoz yurdi. Qoʻllarini boshi uzra yoydi.
— O, papasha, zdorovo! — dedi. — Skolʼko zima, skolʼko vesna!

Otasi quchoqlashib-quchoqlashib koʻrishdi. Shu oʻzimning oʻgʻlimmi, demishday, askarga qarab-qarab qoʻydi.

Otasi jonliq soʻydi.

Qarindosh-urugʻlar, gapga yetarlar uchun toʻy qilib berdi.

Oʻgʻli oyoq olishi bilan gaplaridan ulay-bulay izza boʻlmadi.

Mayli, hali-hozir askarlik havosi bor. Keyin-keyin oʻziga keladi, deya oʻyladi.

Ammo askar oʻziga kelmadi.

Moʻysafid otasi toqati toq boʻldi, otasi yorildi:
— Ulim, erta birov aytgan ekan, otangni koʻrdim — ahmadi forigʻ, enangni koʻrdim — tovoni yoriq, deb. Otang shul, enang shul, qoʻy endi, oʻz tilingda gapir.
— Nu, dayoshʼ, papasha, dayoshʼ!
— Men-ku, chala-chulpa bilaman. Qizil askar boʻlib, oʻris oshnalarim bilan tillasha berib, picha bilib olib edim. Lekin enang bechora manavi qishloqdan narini bilmaydi. Tilingga tushunolmay qiynalyapti.
— Nu, papasha, pora znatʼ!

Otasi nima qilishini bilmadi. Oʻy surib qoldi.

Otasi bir vaqtlar Denov, Termizlarda qizil askarlik mashqini olib edi. Mana shu yerlarda Sovet hokimiyatini barpo etish uchun qoʻltigʻiga toʻpponcha osib edi.

Unda manavi mishiqi poʻrim onasi qornida yo bor edi, yo yoʻq edi. Bu oʻzi, kimga poʻrimlik qilyapti?

Otasi zardasi qaynadi. Koʻylagini koʻtardi. Chap biqinida hamon saqlanib turmish ajabtovur izlarni ochdi.
— Ay serjant, sen oʻzi kim bilan gaplashayotganingni bilyapsanmi? — dedi. — Men nagan taqib, Sovet hokimiyatini oʻrnatganimda qaerda eding? Enangning qornida, otangning belida eding! Ishonmasang, mana, nagan izi haliyam turibdi, mana!
— Ya uzbekskiy yazik ne ponimayu!

Otasi u dedi, boʻlmadi, bu dedi, boʻlmadi. Askar gap korlamadi.

Otasi, shu chindan oʻz oʻgʻlimmi, yo, boshqa birovmi, demishday askar uyogʻidan qaradi, askar buyogʻidan qaradi. Aniq bir gapga kelolmadi.

Keyin, shu oʻz oʻgʻlim ekani yo haqqost chin boʻlsin, yo yolgʻon boʻlsin, deya askar quloq-chakkasiga tars etkizib bir soldi.

Askar bunday zarbni kutmab edimi, yo, eski qizil askar mushti oʻzi shunday boʻladimi, ishqilib, yonboshiga gup etib tushdi. Unsiz, jingak boʻlib yotdi.

Otasi askarni yoqasidan ushlab turgʻizdi. Endi bu chakkasiga solmoqchi boʻldi.

Askar otasi niyatini payqadi shekilli, hovlini aylanib qochdi.
— Voy enajon, oʻldim-e! — deya baqirdi.

Otasi belbogʻidagi qamchini oldi. Yalang oyoq boʻlib askar quvdi.
— Enagʻarning bolasi, toʻxta deyman! — deya zugʻum qildi.

Askar oʻqday uchdi. Oshxonaga kirib bordi. Qozonni aylanib chopdi. Onasi ketiga panaladi.
— Enajon, otamni ushlang! Jon ena, ushlang! — deya yolvordi.
— Qoʻrqma-e, indamaydi!
— Indaydi, siz koʻrmadingiz, uje bitta yedim! Qoʻlidagi qamchini oling, enajon!

Otasi zugʻum qildi:
— Ushlama meni, enasi, ushlama! — dedi. — Enagʻarni bir qamchi ostiga olayin!

Onasi oracha qildi.
— Qoʻying, endi qobil askar boʻladi, — dedi. — Ayt, qobil askar boʻlaman, de.
— Endi qobil boʻlaman, jon ota!
— Ha-a, enagʻarning askari, tiling bor ekan-ku!
— Bor, mana, bor!

4

Shunday qilib, askarga til bitdi. Askarlik kiyimlarini tashladi. Oʻz kiyimlarini kiydi.

Bir erta otasi ovozidan uygʻondi.
— Serjant Orziqulov, buyoqqa bir qarang! — dedi otasi.

Askar hadahalab kiyindi. Otilib bordi. Uyquli koʻzlarini uqaladi. Otasiga jovdirab qaradi.
— Serjant Orziqulov, bet-qoʻlni yuvib farishtali boʻlib keling, muhim topshiriq bor!

Askar chopqillab borib, chopqillab keldi. Otasi askarni ogʻilxonaga ergashtirib bordi. Mol tappilarni koʻrsatdi.
— Manavilar nima, serjant Orziqulov? — dedi. — Ha, yashang, tappi! Endi, oʻzingizdan qolar gap yoʻq, serjant, tirikchilik, ha, tirikchilik! Bilasiz, tappi qishda koʻp yaxshi oʻtin boʻladi. Qishning gʻamini yozda ye, degan! Endi, yengni bilakkacha turib, tappi yopganskiy, ha!

Askar tappilarga qaradi. Koʻngli oʻynadi. Bir, tappiga qaradi, bir, otasi qoʻlidagi qamchiga qaradi.

Oʻlmayinning kunidan bilaklarini turdi. Avaylabgina enkaydi. Tappiga qoʻl urdi.

Koʻngli oʻynagandan-oʻynadi. Koʻzlarini chirt yumdi. Tagʻin ochdi. Yelkasi osha otasiga qaradi.

Otasi qaqqayib qarab turdi. Otasi qamchi oʻynatdi.

Askar taqdirga tan berdi. Tagʻin koʻzlarini yumdi. Tappini kaftlariga oldi. Devorga qulochkashlab tappi yopdi.

Shunda, devordagi qator tappilarda botib yotmish onasi panja izlariga koʻzi tushdi.
— Ha, bali, serjant Orziqulov, gap bunday boʻpti-da! — dedi otasi. — Enangizning qoʻlidan bir ishni oladigan boʻldingiz!

Bir oqshom otasi masalani koʻndalang qoʻydi:
— Mana, mehmonligingizda qaridi, serjant Orziqulov. Keldi-ketdilarda siyraklab qoldi. Soʻramoqdan ayb yoʻq, endi kim boʻlmoqchisiz?

Askar harbiy xizmatdan qaytib, ijroqoʻm raisi boʻlaman, deya niyat qilib edi. Ana shu niyatini aytish uchun tili aylanmadi, yelka qisib qoʻya qoldi.

Otasi boʻlari gapni aytdi:
— Bilmaganskiy-da? Unda, bizniki bilganskiy! Manavi zarang tayoqni olib, orqamdan yurganskiy! Serjant Orziqulov poda boqqanskiy!

Askar angrayib qoldi. Ogʻzi ochilib qoldi.

Otasi bir oʻqraydi.

Askar dirk etib joyidan turdi.
— Yestʼ, poda boqqanskiy! - dedi.

Shu kundan e’tiboran askar chakana choʻpon boʻldi.

Adirda uzun kun chakana mol boqdi.

Avval-avval koʻnika olmadi. Qaerlargadir, xususan, askar boʻlmish joylariga ketib qolgilari keldi.

Keyin-keyin adirlarga oʻrgana bordi. Adirlarsiz zerikdi. Adirlarsiz kuni oʻtmadi.

Oqshomlari uyma-uy yurdi. Oshi halol yigʻdi.

Boshi ikkita boʻldi.

Ketma-ket ikkita qiz koʻrdi.

5

El askarni serjant Orziqulov deyishini qoʻymadi.

Hazil-mutoyibachilar toʻy-gashtaklarda serjant Orziqulov askardan qaytib kelib gapirmish gaplarini gapirib berdi. Qiliqlarini qilib koʻrsatdi.

El xandon otib kuldi.

Bolalar serjant Orziqulov boʻlib gapirishdi, serjant Orziqulov boʻlib koʻrishib-soʻrashdi, serjant Orziqulov boʻlib tappi yopdi.

El qah-qah urib kuldi.

U, serjant Orziqulov boʻlib qoldi.

6

Shunda... shunda, urush boshlandi.

Serjant Orziqulov urushga ketdi.

Urushdan eson-omon qaytdi.

Tevarakka olazarak boqdi.

Otasi bechora rahmatlik boʻlibdi.

Gul deb atalmish bir dard ikkita qizinida olib ketibdi.

Cholidan ayrilmish onasi bilan farzandlaridan judo boʻlmish ayoli mungʻayib qolibdi, gʻarib boʻlib qolibdi.

U urushdan ajabtovur boʻlib keldi.

Miq etmadi. Olis-olislarga termuldi.

Qarindosh-urugʻ bolalari koʻksidagi orden-medallarga qoʻl tekkizib koʻrdi.
— Bularni qaerdan oldingiz? — deya surishtirdi. — Urushga borsak, biz ham orden olib kelardik, — dedi.

Shunda, serjant Orziqulov qirgʻinbarot kunlardan bor-yoʻgʻi bir marta gap ochdi:
— Urushning oti oʻchsin, bolam, — dedi. — Sizlar soʻramanglar, men aytmayin. Bundaychikin ohangjamolarni men taqdim, sizlarga taqish nasib etmasin...

Kolxoz raisi serjant Orziqulovni yaxshi-yaxshi ishlarga qoʻymoqchi boʻldi.

Ammo serjant Orziqulov rad etdi. Tagʻin oʻz podasini soʻradi.

Ikki yilda farzand koʻrdi.

Bunisida qiz boʻldi.

Qiz boʻlsada umri bilan boʻlsin edi, bunisida ketdi.

Toʻrtinchisi oʻgʻil boʻldi.

Xumor momo nevarasi uchun ism oʻyladi.

Aqllarga maslahat soldi. Oq-qorani taniganlarga kitob koʻrdirdi.

Olis oʻyladilar.

Oʻylamay boʻladimi, ketma-ket uchta farzand ketdi!

Oxir-oqibat, hayot sohibi boʻlsin, hayotda tursin, deya Tursun deb ism qoʻydilar.

Ota-ona orzusi bajo boʻldi.

Tursun hayotda turdi.

7

Yolgʻiz oʻgʻil Tursun bir oyogʻi maktabda boʻldi, bir oyogʻi adirda boʻldi.

Maktabdan keyin bir qoʻyniga non soldi, bir qoʻyniga kitob soldi. Otasi oldiga bordi.

Toshga choʻnqayib kitob oʻqidi. Ovoz qoʻyib kitob oʻqidi.

El ta’biri bilan aytmish, Tursun gʻazalxon boʻldi.

Bayram, toʻy-ma’rakalarda she’r oʻqidi.

Maktab kutubxonasi kamlik qildi. Tumandan dasta-dasta kitob olib kelib oʻqidi.

Sandiq osti bilan deraza tokchalari kitobga toʻldi.

Adabiyot muallimi Tursunning she’riy daftarini koʻrib berdi. Bir-ikkitasini tuman roʻznomasida chiqarib berdi.

Yolgʻiz oʻgʻil dovrugʻi dong taratdi.

El oʻylab qoldi: otasi bor-yoʻgʻi podachi boʻlsa, oʻgʻli qanday qilib bayt yozadi?

Javobini otasidan soʻradi:
— Serjant Orziqulov, ulingizga nima berib boqyapsiz?
— Shu, biz nima yesak, uyam shuni yeydi.
— Unda, qanday qilib bayt bityapti?
— Shunga hayronman. Shuncha boʻy-bastim bilan men bayt bitolmayman, bu enagʻar bityapti.

Bir oqshom serjant Orziqulov oʻgʻli yotajak uyga ohista kirib oldi.

Devorda rangtasvirlar iligʻlik boʻldi, qalamtasvirlar iligʻlik boʻldi.

Tasvirlarda turfa gullar, qorli togʻlar, jonivorlar boʻldi.

Bir saman yoʻrgʻalab yurdi. Bir boʻz yollari hilpirab-hilpirab yeldi. Bir jiyron olis-olislarga termulib kishnadi. Ikkita qora toʻriq old oyoqlarini koʻtarib, tumshuqlarini tumshuqlariga tekkizib iskashdi...

«Otga moyilli boʻlibdi. Esaysin, ot olib beraman»;.

Serjant Orziqulov shunday niyat qildi.

Derazada taxloqliq daftarlarni varaqladi.

Oʻgʻli shularni oʻz ichidan chiqarib bitdimi, yo, biror kitobdan olib bitdimi, bilolmadi.

Daftarni varaqladi-varaqladi, tagʻinda ajablandi...

Daftarda bir qiz rasmi boʻldi. Qiz xushroʻygina boʻldi. Yelkasida guldor roʻmol boʻldi.

Rasm ostida husnixat boʻldi.

«Shu qiz uchun bitilmish bayt boʻlsa ajab emas»;.

Serjant Orziqulov shunday oʻyladi.

Ayolini chaqirdi. Qizni koʻrsatdi.

Ayoli qizga bot-bot tikildi.
— Tanimadim, — deya yelka uchirdi.

Ayoli oʻzida yoʻq xushvaqt boʻldi.

Yolgʻiz oʻgʻli uygʻonibdi! Bir qizga, kim boʻlsa-da, bir qizga koʻngil qoʻyibdi! Bir qiz bilan koʻngil olib, koʻngil beribdi! Yolgʻiz oʻgʻli suyukli boʻlibdi!

Oʻgʻli maktabni bitirsin. Nasib boʻlsa, shu qizni kelin qiladi!

Uch birday qizni qora yerga berdi. Nasib boʻlsa, shu qiz kelinda boʻladi, qizda boʻladi!

Serjant Orziqulovningda bir quvonchi ikki boʻldi. Orzusi ezgu boʻldi.

Nasib boʻlsa, oʻgʻlini vaqtli uylantiradi. Yolgʻiz oʻgʻil erta uylansa, erta farzandli boʻladi. Oʻzidan-oʻzi koʻpayadi, oʻzidan-oʻzi unib-oʻsadi. Farzandlari otasiga yoʻldosh boʻladi, bobosiga nevara boʻladi.

Ota-ona orzu-havasi hamisha ezgu boʻladi.

Ammo hayot hamishada ota-ona orzu-havasiga esh boʻla bermaydi.

Hayot boshqa, orzu-havas boshqa.

8

Tursun maktabni bitirdi. Kiyimlarini jomadon joyladi. Gap yoʻq, soʻz yoʻq, oʻqishga joʻnadi. Onasi ogʻrindi.

Urushda qon kechmish otasi oʻgʻlini qoʻllab-quvvatladi. Qoʻliga pul berdi. Xush-xushvaqt oʻqishga joʻnatdi. Bot-bot tayinladi:
— Ulim, biz oʻqiyolmadik, endi, sen oʻqi. Zamon oʻqiganniki boʻlib qoldi. Birdan-bir tilagim, otang kim, enang kim, shuni unutmasang boʻldi...

Tursun oʻqishga kirib keldi.

Ta’til ketidan ta’til oʻtdi.

Tursun oʻsib-ulgʻaydi.

Yuzlarida uchli nimalar toshib yotib edi. Yonoqlarini gʻadir-budur nimalar bosib yotib edi. Yonoqlari qoʻngʻirtob qora edi.

Bir gʻanimi yonoqlarini qotib yotmish tappiga qiyosladi. Bir gʻanimi yonoqlarini chalmaga qiyosladi.

Oʻzi oynaga qaradi-qaradi-da:
— Yoʻq, bular shunchaki kirlar, — dedi. Tursunqul yuvina berdi-yuvina berdi. Yonoqlaridagilar ketdi. Yuzlari silliqqina boʻldi.

Ajabtovur kiyimlar kiyadigan boʻldi.

Papirosni lablari chetiga qistirib yuradigan boʻldi.

Gugurtni tashladi, yondirgich tutdi.

Juzdoni betiga ayollar tasvirini yopishtirib oldi.

Oyoq liboslari tovoni koʻtarildi.

Sochiga soch qoʻshildi. Quloqlarini yopdi.

Palovni qoshiqda yeydigan boʻldi.

Bir toʻyda «Modern toking»; deya atalmish guruh ashulasini xirgoyi qilib oʻynadi.

Koʻpni koʻrganlar miyigʻida kuldi.
— Otasiga tortibdi, — dedi.

9

Tursun tong saharlab uygʻondi.

Bet-qoʻlini yuvmasdan doʻkonchaga chopdi.

Ammo doʻkoncha hali yopiq boʻldi.

U doʻkoncha oldini olib turdi.

She’ri chop etilmish roʻznomadan oʻnta oldi!

Qaytimiga qaramadi. Roʻznomalarni qoʻltigʻiga qisib chopdi.

Bir roʻznomani qoʻliga oldi. Tagʻin, biror misram tushib qolmadimikin, degan tashvishda she’rini yoʻl-yoʻlakay oʻqidi. Hijjalab oʻqidi.

Xayriyat, misralari tugal boʻldi.

Ijarasida eshikni ichkaridan qulfladi.

She’rlarini chalqancha yotib oʻqidi, tik turib oʻqidi, oʻtirib oʻqidi.

Tursun oʻzini katta shoir his etdi.

Roʻznomadagi rasmiga tikildi. Oʻzini... XIX asr buyuk pyuirlariga qiyosladi.

«Yoʻq, oʻxshamaydi. Buyuklar soqol qoʻyadi. Buyuklar sarxonali mundshtuk chekadi»;.

Chin, qadimgi ulugʻlar soqoli bor, sarxonali mundshtugi bor.

Nimaga endi Tursun soqol qoʻymaydi? Mundshtuk chekmaydi?

Odamlar soqolini qirtishlab yuradi. Odamlar papiros chekib yuradi. Yura bersin! Odamlar kim boʻlibdi? Jaydari xalq-da!

Yoʻq, jaydari xalkdan farq qilmoq lozim...

Tursun soqol qoʻydi. Tursun sarxonali mundshtuk oldi.

Tursun ism-sharifini pichirlab aytdi: Tursun Orziqulov!

Ismi sharif deganida shuncha uzun boʻladimi! Yana-tagʻin jaranglamaydi! Shoirlar ismi sharifiga oʻxshamaydi!

Oʻzi, ismi ma’nosi nima? Tursun, oʻtirsin, yotsin... Shuyam gap boʻldi-yu!

Tursun oʻz ismi sharifidan... oriyati keldi. Ota-bobosi otidan... uyaldi!

Oʻziga shoirona nom topishni oʻyladi.

Necha-necha taxalluslar topdi. Oʻziga yoqmadi.

Oxiri, tarixdan kelib chiqdi. Oʻzini Pahlavon Daho deb atadi.

Pahlavon Daho!

11

Pahlavon Daho maktabda osmondan tushganday yurdi. Tevarak-atrofga, jamiki olamga osmondan qarab yashadi.

Oʻqituvchilar:
— Oʻzimizga qaytib kelibsiz-da, — deya hol soʻradi. Ana shunda Daho oʻzini kamsitilgan his etdi. Ushbu gapni: «Holing shu ekan, nima qilarding kekkayib, oʻzimiz qatori odam ekansan-ku»;, degan ma’noda tushundi.

Yerga tushmaslik uchun turli-tuman havoyi gaplarni toʻqib gapirdi:
— Dorilfununda qoldirmoqchi edi, qolmadim. Shaharda katta ishlarga qoʻymoqchi boʻldi, koʻnmadim, — dedi.

Otdan tushsa-da, uzangidan tushmadi.

Jamoatdan oʻzini chetga oldi.

Oʻziga-oʻzi bino qoʻydi.

Uyda-da, ishda-da, koʻcha-koʻylardada oʻzini eldan xolis oldi.

Uyda-da, ishdada tevarakka begona koʻz bilan qaradi.

Tevarakdagilarda Dahoga begona koʻz bilan qaradi.

Oʻz pushtikamaridan boʻlmish bolalarida Dahoga begonasirab qaradi.

Daho kulsa, bolalarida kuldi.

Daho xoʻmraysa, bolalarida xoʻmraydi.

12

Daho oʻzini-oʻzi qafasga soldi.

Yuragi sikilgandan-siqildi.

Yuragi cholvori balogʻiday gʻijim-gʻijim boʻldi.

Oqshomlari ichini it tataladi.

Tizzasiga shapillatib urdi. Sapchib turdi. Koʻchaga yoʻl oldi.

Oʻyladi-oʻyladi, kolxoz kutubxonasiga yoʻl oldi.

Kutubxona eshigida qulf koʻrdi. Loʻmbozday qulfni chang bosdi. Qulf yerrang boʻldi.

Daho qulfga tikilib qoldi.

Qaerdandir idora qorovuli keldi. Entikib nafas oldi. Dahoning yuziga engashib qaradi.
— Sizmisiz, shoir uka, — dedi. — Men, kutubxonaga biror mast-alast oʻgʻirlikka keldimi deb oʻylab, chopib kelibman.
— Ogʻzingizga qarab gapiring.
— Gapning toʻgʻrisi-da, uka, odamning koʻngliga nimalar kelmaydi deysiz. Kutubxona ostonasiga oylab inson zoti qadam qoʻymay-qoʻymay birdan odam paydo boʻlib qolsa, koʻngil xavfsiraydi-da.
— Kutubxonachi bormi?
— Ha, bor. Kutubxonachi anavi Samievning kelini boʻladi. Hozir oʻtoqda.
— Keladimi?
— Endi, uyogʻini bilmadim, shoir uka. Hozir oʻtoq, keyin uzum uzish boʻladi. Undan keyin hammani paxtaga haydaydi. Shu bilan qish keladi. Qishda haftada bir ochsa ochadi, ochmasa yoʻq. Nima, biron zaril ish bormidi?
— Shunday, bir qarasam deb edim.
— Kelin yoʻq-da. Kelin yoʻq vaqtlari xabarchi gazeta-jurnallarni bir haftalik qilib qassob qaynotasiga tashlab ketadi. Qaynotasi roʻznoma uvol boʻlmasin deb, el-xalqqa goʻsht oʻrab beradi. Astagina borib soʻrasangiz, bir-ikkita roʻznoma beradi. Yaxshi odam, qoʻli ochiq.

Daho maktabga qarab yurdi. Maktabni bir aylandi. Qorovuldan boshqa jon koʻrmadi.

Bekatdagi temir oʻrindiqqa oʻtirdi. Hafsalasi pir boʻldi.
— Uf-f, - dedi.

Koʻcha yuzidagi simyogʻochda osilmish radiokarnay uzuq-yuluq ovoz berdi:
— E’lon, oʻrtoqlar, e’lon eshittiramiz! — dedi. — Kecha kechasi Said chavandozning saman oti qochdi! Kimdakim daragini aytsa bir echki, ushlab kelsa bir qoʻy suyunchisi bor! Yana bir e’lon! Bugun kolxoz klubida ikki seriyali indiyskiy kino boʻladi! Qaytaraman, indiyskiy! Bosh rolda Raj Kapur! Eshityapsizmi, Kapur, Kapur! Bilet narxi har seriyasi yigirma tiyindan qirq tiyin! Kino qorongʻi tushganda boshlanadi!

Daho ensasida qotdi, kulgisida keldi.

Qosh qoraydi. Havo fayziyob boʻldi.

Daho joyidan qoʻzgʻoldi. Cholvori ketini tortib-tortib qoʻydi.

Uyga yoʻl oldi. Yoʻlda oyoq ildi. Oʻylab qoldi.

«Uyga borib nima qilaman?»;

Koʻngli nimanidir istadi, nimanidir qoʻmsadi. Koʻngli nimagadir tashna boʻldi, nimagadir talpindi.

Nimaligini oʻzida bilmadi.

Uyi tarafga qoʻl siltadi. Tagʻin iziga qaytdi.

Boyagina radiokarnay barchani kinoga taklif etdi. Nimaga endi u kinoga bormaydi?.. Aytilgan joydan qolma, deydi.

Chin, hind kinolarini yomon koʻradi. Shunday boʻlsa-da, boradi.

13

Madaniyat saroyi chiroqlari hali yonmadi. Tevarak nimqorongʻi boʻldi. Odam odamni zoʻrgʻa tanidi.

Bolalar quvishib oʻynadi.

Daho saroy pattaxonasi oldiga keldi. Pattaxona darichasidan moʻralamoq boʻlib engashdi. Birdan ketiga tis boʻldi.

Bir it darichadan tumshugʻini chiqardi.

«Qorovul pattaxonani itxona qilibdi»;, deya oʻyladi.

Daho darvoza oldida turmish kinochi qoʻliga tanga tashlab kirdi.

Ichkari yarmi boʻm-boʻsh, yarmida oʻtirgʻichlar boʻldi. Oʻtirgʻichlar birovi qiyshayib yotdi. Yana birovida orqa suyanchigʻi yoʻq. Tagʻin birovida oʻtirgʻich dastalari sinib yotdi. Bus-butuni kam boʻldi.

Daho bir mayib oʻtirgʻichga qoʻlroʻmolini toʻshab oʻtirdi.

Kinochi klub chirogʻini yoqdi.

Daho sahnaga qaradi, mahliyo boʻlib qoldi.

Sahna shiftida qaldirgʻochlar uya qurdi. Uyalarda pat-xaslar osilib yotdi.

Olapat qaldirgʻochlar sahna uzra charx urib uchdi.

U qaldirgʻochlarga mahliyo boʻlib, bilmadi. Oʻtirgʻichlar liq toʻldi. Joy yetmay qoldi. Birovlar tashqaridan tosh olib keldi, birovlar gʻoʻla olib keldi. Uyi yaqinlar uyidan koʻrpacha olib keldi. Taglariga qoʻyib oʻtirdi. Bolalar yerda tizilishib oʻtirdi. «Sangam»; deb atalmish kino boʻldi. Bolalar:
— Ura-a-a! — deya qiyqirib chapak chaldi. Kattalar kinochiga qarab baqirdi:
— Yigirma yildan buyon shu kinoni olib kelasan, insofing bormi, oʻzi?!
— Oʻtgan bozor kuni qanday kino olib kelayin deganimda indiyskiy boʻlsin, dedilaringiz-ku! — dedi kinochi.
— Indiyskiy kino bitta emas-ku, axir!
— Boshqalarini kolxozlarga olib ketib qolibdi. Shuniyam zoʻrgʻa oldim, xalq talab qilyapti, deb!
— Boʻldi qilinglar endi, kinoni koʻraylik! Saroy bozorday gʻuvilladi.

Odamlar xaxolab kuldi, qiyqirib kuldi, hushtak chalib kuldi.

Ogʻizlariga kelmish gapni gapirib kino koʻrdi.
— Qaranglar, hozir qizning kiyimlarini olib qoʻyadi, ana oldi!
— Hozir qiz bilib qoladi!
— Endi qiz qoʻshiq aytadi!
— Ay, ohu koʻzlaringdan!
— Oʻziyam huriliqo-da, oh-oh!
— Shu qiz qishlogʻimizdagi Toshmirza brigadirning qiziga kelbat beradi!
— Toshmirza brigadirning qizi qorachadan kelgan, bu okdan kelgan!
— Kinoda shunday koʻrinadi-da, aslida yuzidagilar upa-surma!
— Ha, koʻzingdan Raj Kapur! Oʻzimizning Kapur-da bu!

Kino uzilib qoldi. Odamlar hushtak chaldi.
— Ay, sapojnik! — dedi. Sahnada tagʻin kino koʻrindi.

Odamlar bu safar baravariga hoy-hoyladi:
— Ay, sapojnik, oʻtkazib yubording!
— Qiz suvda baliqdayin balqib suzishini qoldirib ketdi-ya!
— Bas qil, ashqol-dashqolingni!
— Oladigan qirq tiyining burningdan chiqsin! Hushtak tinmadi.

Kinochi kinoni toʻxtatdi. Odamlar aytgan joyidan qaytarib qoʻydi.

Kino yarim soat mobaynida toʻrt marta uzildi.

Uzilgan vaqtlari Daho yerga qaradi. Koʻzlarini yumib oʻtirdi.

Kino davom etdi.

Koʻchma kino yaqinida oʻtirmish bir odam joyidan turdi.
— Ay, bogʻbrigada qizlari! — dedi. — Eshitmadim demanglar, ertaga oʻtoqqa bormaymiz! Sangloqqa ariq tozalagani boramiz, eshitdilaringmi?
— Ay, Abil hisobchi, koʻp karillama!
— Nimaga karillamayman? Ish zarilmi, kino zarilmi? Kino koʻrasan-a, kino koʻrasan! Mana koʻrasan, mana boʻlmasa, mana! — Abil hisobchi shunday deya, sahnaga tushmish nurga qoʻshqoʻlini tutdi. Barmoqlarini bir-biriga kiydirdi.

Barmoqlarini tuya oʻrkach qildi, xoʻrozqand qildi, beshiktebratar qilib oʻynatdi.
— Kino koʻrasan-a, kino koʻrasan! Mana koʻrasan, mana!

Barcha qiligʻi sahnada aks etdi.

Odamlar qiyqirib kuldi.

Daho yerga tupurdi. Kinoga qoʻl siltadi.

14

Uzum uzish sob boʻldi. Paxta terim boshlandi.

Daho maktab ahli safida «Hazorbogʻ»; sovxozida hasharda boʻlib keldi.

15

Darslar boshlanishi bilan sovuqda boshlandi. Maktabga koʻmir keldi. Daho koʻmir oldi. Darvoza oldiga tushirdi. Qosh qorayguncha koʻmir tashidi. Qop-qora koʻmirga botdi.

Yaxshilab choʻmilmoqchi boʻldi. Ammo ayoli koʻymadi:
— Avval ovqatini yeb olsin, keyin choʻmiladi, — dedi.

Daho bet-boshini chaydi.

Taomini yedi.

Bolishga yonboshladi. Koʻzi ilindi.

16

Bir mahal uygʻondi. Tevarakka ser soldi.

Qabatida oʻgʻil-qizi, undan narida ayoli uxladi.

Oy derazadan boqdi.

Daho koʻzlarini bir yumdi-bir ochdi. Zim-ziyoga el boʻldi.

Oʻgʻil-qizi dimogʻiga qulogʻini tutdi.

Oʻgʻil-qizi bir me’yorda pishillab uxladi.

Daho yerga siljib tushmish koʻrpani oʻgʻil-qizi ustiga yopib qoʻydi. Oʻzi koʻrpasinida oʻgʻil-qizi oyoqlariga tashladi.

Avaylabgina ayoli oldiga oʻtdi.

Daho koʻngli talpindi, Daho koʻngli entikdi, Daho koʻngli tin oldi, orom oldi...

Daho qorni ochdi. Koʻngli ozdi.

Oyoq uchida tashqariladi.

Ayoli shivirlab ovoz berdi:
— Ovqat oshxonada, ustida toboq toʻntariqlik.

Daho dahlizda oyogʻi uchida turdi.

Ota-onasi yotmish uy eshigi tarafga quloq soldi. Jon nishonasi sezmadi.

Xotiri jam boʻldi.

Dahliz eshigini avaylab ochdi. Qanday avaylab ochdi, shunday avaylab yopdi.

Oy oydin boʻldi.

Tun ayoz boʻldi.

Daho oyoq uchida odimladi, omonat odimladi.

Oyoqlari ostida bir nima chirs-chirs etdi.

Daho seskanib ketdi. Etlari uvishib-uvishib ketdi.

Enkaydi, oyoqlari ostiga qaradi.

Xalqob suvlar muzlabdi.

Omborxona chirogʻini yoqdi, ichkariladi.

Bir sichqon shitirlab qochdi. Burchakdagi kovakka oʻzini urdi.

Omborxonaga ser soldi. Oʻzga jonivorlarga koʻzi tushmadi.

Koʻngli tinchidi.

Yogʻoch qoziqda ilinmish noʻxtani oldi. Sichqon gʻoyib boʻlmish burchakka tashladi.

Kiyimlarini birin-ketin shu qoziqqa ildi.

Togʻoraga kirdi. Joylashib oʻtirib oldi.

Qorakuya badaniga ser soldi.

Togʻora oldida turmish satilga qoʻl soldi. Suv sovibdi.

Nima qilishini bilmadi. Oshxonaga olib borib isitib kelmoqchida boʻldi. Sovuqda erindi.

Choʻmich bilan boshidan, yelkalaridan suv quydi. Badanini uqaladi. Tagʻin choʻmichlab quydi.

Badanidan oqmish suv, qop-qora boʻlib togʻoraga tushdi.

Yuzini kafti bilan artdi. Satil oldida turmish yumaloq kirsovunni oldi.

Shunda, badani uchdi. Dir-dir qaltiradi. Boshi sarak-sarak boʻldi.

Sovunni joyiga tashladi. Choʻmichni roʻznomaga qoʻydi.

Satilni qoʻshqoʻllab koʻtardi. Boshidan sharillatib suv quydi.

Oyogʻi ostiga roʻznoma toʻshab artindi.

Etlari dir-dir uchdi. Qoʻllari qalt-qalt etdi. Tishlari tik-tik etdi.

Boshini jiqqa hoʻl sochiq bilan oʻradi.

Yogʻoch soʻri ustida turmish bir xalta un hoʻl boʻldi.

Boya boshidan satillab suv quyishda hoʻllandi.

Endi, un yarmi xamir boʻladigan boʻldi.

Omborxonadan oshxonaga chopqillab bordi.

Zim-ziyoda qidirdi-qidirdi, gugurt topdi.

Primusni yoqdi. Pilik bir yonib qizardi.

Daho primus ichini ochib qaradi. Ichida yermoyi boʻlmadi.

Oʻchoqqa oʻt yoqish it azob boʻladi.

Daho shoʻrvani muzdayligicha yedi.

Choynak joʻmragidan ogʻiz qoʻyib suv ichdi.

Daho dildiradi.

17

Ertasi tanasi qaqshadi. Badani qichidi.

Hammomga yoʻl oldi.

Oldin sartaroshxonaga bordi. Qutiday yogʻoch kulbaga kirdi. Oʻrindiqqa choʻqdi. Oynaga qaradi, sochlarini siladi.

Sartarosh oynaga qarab bosh chayqadi.

Daho tushunmadi. Yelkasi uzra qayrilib qaradi.

Sartarosh Daho yelkalariga qoʻlini qoʻydi. Oynaga qarab:
— Sochingizni ololmayman, — dedi.
— Nega?
— Chinimni aytsam, biz bir xashaki sartaroshmiz! Soch oladigan boʻlsak, ustara bilan qatron qilib olamiz!
— Yoʻq-yoʻq!

Daho joyidan lik etib turdi.
— Ana, tayyor avtobus, shaharga boring. Madaniyatli odamlar shaharga boradi.

Shunda, qishloqda hammom yoʻqligi yodiga tushdi.

Nima qilishini bilmadi. Kallasini qirt-qirt qashidi.

Shu yakshanbada tuman hammomiga borishga ahd qildi.

Sochlari orasi qichigandan-qichidi.

Sochsovun olmoqchi boʻldi. Sochini sochsovun bilan yuvmoqchi boʻldi.

Shu niyatda doʻkonga kirdi.

Doʻkondan sichqon hidi keldi.

Doʻkon bir tarafi xoʻjalik mollar boʻldi, bir tarafi sanoat mollari boʻldi.

Daho sanoat mollarini tomosha qilib boshladi.

Qator-qator kamzul-cholvorlar osilib yotdi. Turli-tuman kiyim-kechaklar taxlanib yotdi.

Daho kiyim-kechaklarga qaradi, oʻyladi, qaradi — oʻyladi.

U endi maktabga qatnab boshlagan vaqtlariyam shular bor edi.

Daho oʻshanda kiyim-kechaklarga suqlanib qarab edi, katta boʻlsam olib kiyaman, deya orzu qilib edi.

Ana, katta boʻldi.

Kiyim-kechaklar hamon turibdi.

«Endi bularni kim oladi, kim kiyadi? Jandafurushga topshirib boʻlmaydi. Barcha-barchasi qimmatbaho narsa. Hech kimga kerak emas narsani chiqarib nima qiladi»;.

Daho shunday oʻyladi.

Xoʻjalik mollariga qaragisi kelmadi. Boisi, sichqon hidi koʻnglini oʻynatdi. Choʻntagini kovladi.
— Ikkita yaxshi sochsovun bering, — dedi. Sotuvchi pinagini buzmadi.

Daho hayron boʻldi. Sotuvchi yuziga qaradi. Sotuvchi iljaydi.
— Hazillashyapsizmi, shoir aka? — dedi.
— Yoʻq.
— Bizda sochsovun boʻlmaydi.
— Unda, ikkita sovun bering.
— Ha, sovun boshqa gap. Sovun bor, mana. Sotuvchi shunday deya peshtaxta ustiga ikkita kirsovun qoʻydi.
— Yoʻq, atirsovun, deyapman.
— Atirsovun yoʻq. Bir boʻlib edi, tamom boʻldi. Atirsovundan olqindi yaxshi, kirni yaxshi oladi.
— Kirga emas...
— Unda, ana, tayyor avtobus, shaharga boring. Madaniyatli odamlar shaharga boradi.

Daho doʻkondan peshonasi tirishib chiqdi.

Maktabga joʻnadi.

Dam olish kuni tuman yoʻl oldi.

Tuman hammomi sassiq boʻldi. Bugʻi yoʻq boʻldi, faqat issiq suvi bor boʻldi.

Daho issiq suvga yaxshilab yuvinib oldi.

Oxirgi avtobusda qishloqqa qaytdi. Yoʻlda chanqadi. Yuragi kuydi.

Qishloq markazida tushdi. Hovuzga qarab yurdi.

Bir hovuch suvni labiga olib borib qaradi. Suvda mayda-mayda qurtlar oʻynadi.

Daho afti bujmaydi. Suvni toʻkib tashladi.

Koʻngil tashnaligi bosilmadi. Yuragi kuygandan-kuydi.

Oshxonadan suv soʻradi, qatiq soʻradi.

Nimaiki soʻradi, moʻylovli oshpaz yoʻq, deya bosh irgʻadi.

Dahoning zardasi qaynadi.
— Nima bor oʻzi? Bu oshxonami, yo, bir choʻl-biyobonmi? — dedi.
— Zarda qilmang, shoir aka, zarda qilmang. Mana, shoʻrva bor. Bizda shoʻrvadan boshqa hech narsa boʻlmaydi. Sizga oʻzi nima kerak?
— Hech nima! Bir dam olib oʻtirsam deb edim!
— Unda, ana, tayyor avtobus, shaharga boring! Madaniyatli odamlar shaharga boradi!

Daho oshpazga qaradi, oshpaz Dahoga qaradi. Daho qoʻl siltab joʻnadi.

Yoʻlda oʻylab yurdi: "Madaniyatli odamlar shaharga boradi. Ajab, bari shunday deydi.

Shoirligimga shama qilyaptimi deyman".

18

Yoʻlda xabarchi ushladi. Qoʻliga ikkita xat berdi.
— Kallamni qashib oʻylayman. Pahlavon Daho kim boʻldi ekan deyman, bilsam, siz ekansiz, — dedi.

Saxiylik qilgisi keldi. Bitta roʻznomada uzatdi.
— Keling, bitta gazeta berayin, ana, — dedi.
— Chekkasiga Mamatov deb yozilibdi.
— Anavi Mardon traktorchi-da. U adirda yer haydab yuribdi. Ola bering, shoir odamsiz, oʻqiysiz. Endi, koʻnglingizga olmang-u, shu, ota-bobongiz ismi sharifidan qolmang. Ota-bobolarimiz ismi sharifida gap koʻp. Ota-bobolarimiz yetti oʻlchab bir kesib, ismi sharif qoʻyadi. Hech bandani ota-bobosi ismi sharifidan judo etmasin!

Daho roʻznomani xabarchi ketidan otib yuborayin dedi.
— T-fu, provinsiya! — deya pichirladi. Roʻznomani qoʻltigʻiga qisib oldi. Yoʻl-yoʻlakay xatlarni ochib oʻqidi.

Bir roʻznoma nazmlarini badiiy zaif, deya chop etmadi.

Bir oynoma Pahlavon Daho Gʻarb soyasi, dedi.

Xat oxirida shunday maslahat berdi.

«Gʻarb ohanglariga oʻynamang. Oʻzingiznikini yarating»;.

Shundayda kuymish Daho, tagʻinda beshbattar kuydi.
— Uh, savodsiz, toʻnkalar! — dedi.

19

Daho qishni bir amallab oʻtkazdi, bahorni ikki amallab oʻtkazdi.

Maktabda yozgi ta’til boshlandi. Daho jomadon koʻtarib yoʻlga tushdi.
— Yoʻl boʻlsin? — dedi ayoli.
— Dam olib kelaman, — dedi. — Bir oy!

20

Bekatda tagiga jomadon qoʻyib oʻtirdi.

Shunda, yoʻl chetida bir traktor pat-patlab oʻchdi.

Oʻquvchi qizlar daladan keldi. Traktordan tap-tap tashladi. Muallimiga salom berdi, uy-uylariga tarqaldi.

Nazar hisobchi Dahoni koʻrishi bilan bekatga qarab yurdi.

Bir-birlaridan hol soʻradi.
— Chinimni aytsam, Tursun oshna, shaharga tagʻin qaytib ketgim kelyapti. Ertadan-kechgacha ish, ish! Odamning jonlariga tegib ketdi!
— Qishi bilan dam olasizlar.
— Dam olish qayoqda deysiz. Qishda kolxoz sut topshirigʻini bajarolmay qoladi. Keyin biz bechoralar qoʻlimizda darang-durung idish-tovoq, uyma-uy yuramiz, xoʻjaliklardan sut yigʻamiz. Xalq sut bergisi kelmaydi. Qanchadan-qancha koʻngil qorongʻichiliklar boʻladi. Xalqqa ham qiyin-da. Kim qahraton qishda bola-chaqasi ogʻzidagi oqini berib qoʻyadi? Ha, Sora, qarab qoldingmi? Kel, singil, oʻtirib tur. Mualliming bilan gurung qizib ketdi.

Daho ketiga qaradi.

Bir yoshgina qiz tortinib-turtinib keldi. Nazar brigadir qabatida oʻtirdi. Yerga qaradi. Roʻmoli uchini buklab oʻynadi.
— Bu bizning kenja singil boʻladi, Tursun oshna. Oltinchi sinfda oʻqiydi. Oʻziyam a’lochi.
— Ha-a. Sodiqovning sinfidanmisan?
— Ha.
— Qalay, dam olishlar yaxshi oʻtyaptimi?
— Koʻrib turibsiz-ku.
— Yoʻq, ish qiyin emasmi deyman?
— Ish boʻladi-yu, oson boʻladimi, muallim.
— Ha endi, dam olish vaqtlari ota-onalarga yordam berish ham kerak-da.
— Bir dam olishda emas, yil — oʻn ikki oy shunday. Daho ust-boshlari kir Soraga tikildi.

«Ana, boʻlajak chala-chulpa xalq! Soni bor-u, salmogʻi yoʻq xalq! Bu xalq hali voyaga yetmasdanoq pachoq boʻlib qoladi»;.

Daho koʻnglidan shunday gaplar oʻtdi.

Nazar hisobchi Daho bilan xayr-xoʻshlashdi. Singlisini ergashtirib ketdi.

Daho radiokarnayga quloq soldi.

21

Daho bugun bu yoroni, ertaga u yoroni ijarasida kun koʻrdi.

Oʻziga alohida ijara qidirdi. Izladi-izladi, bir gʻarib ijara topdi.

Endi, oʻziga ish izladi. Yaltoq boʻldi. Yelpatak boʻldi.

Shoirman, deyishi bilan rad javobini ola berdi:
— Shoir? Yoʻq-yoʻq... Eshiklar ichkaridan yopildi.

Shoirman, deya koʻkrak urib yurmish Daho oʻylab oʻyiga yetolmadi.

Shoirman desa, muharrirlar peshonasi tirishadi.

Shoir emasman desa, shoirligidan boshqa maqtanadigan yeri boʻlmadi.

Daho yurdi-yurdi, shahar madaniyat uyidan panoh topdi.

22

Qishloqqa kelib, maktabdan boʻshadi. Ayoli yigʻib yurmish bor pulni oldi. Ayoli moʻltiradi. Bir oʻgʻil-qiziga qaradi. Bir eriga qaradi.
— Endi biz nima yeymiz? — dedi.
— Qoʻrqma, ochdan oʻlmaysan. Ana, ota-onam boqadi...
— Endi men nima qilaman?
— Uy olay, seniyam olib ketaman. Ayoli xayr deya, eri yuzidan oʻpdi.

Daho ayoli oʻng qulogʻi solinchagidan koʻngli oʻynadi!

Ayoli oʻng qulogʻi solinchagidagi sirgʻa teshigi qoʻtir yara boʻldi!

Daho ayoli bet-boshidanda koʻngli oʻynadi!

Ayoli sochlari qazgʻoq boʻldi, yonoqlari kir boʻldi, ogʻzi sassiq boʻldi!

Daho adirda poda boqib yurmish otasi bilan xayr-xoʻshni nasiya qildi.

Ostonada onasi bilan ayoli termulib qoldi.

23

Daho birinchi maoshini oldi. Soʻlim suv boʻyida maoshini yuvdi. Hamkasblari bilan shahar koʻchalarini sayr qildi. Kaftlarini ishqab zavqlandi.
— Shahar qanday yaxshi! Hamma narsa bor...— dedi. Madaniyat uyida bir katta shoir boshida gardishsiz yalpoq kiyim koʻrdi.
— U nima? — deya surishtirdi.
— Beret! — dedi bilagʻonlar.

Daho, katta shoirlar beret kiyar ekan, deya oʻyladi. Shu kuniyoq olib kiydi.

Gardishsiz yalpoq kiyim Dahoga yarashmadi. Beti taypoq toboqqa oʻxshab qoldi.

Shunday boʻlsa-da, kiyib yurdi. Oʻzini katta shoir his etdi.

24

Ayoli ketma-ket maktublar yoʻlladi.

Maktublarida yalinib-yolvordi. Qorakoʻzlari tilidan tavallo qildi.

Daho maktublarga koʻz yugurtirib-yugurtirib yirtib tashladi.

Ayoli qorakoʻzlari bilan tagʻin maktub bitdi.

Kenjasi sochlarini changallab yerga bosdi.

Kenjasi:
— Voy sochim! — deya chinqirib yigʻladi.

Ayoli yonib-yonib yolvordi, ayoli kuyib-kuyib yolvordi:
— Egil deyman, shoʻrpeshona! — dedi. — Egil deyman, sagʻir!

Kenjasi ogʻriq zoʻridan maktubga egildi. Koʻz yoshlari maktubga tomdi.

Tomchilar qurib dogʻ boʻldi.

«Jigarporalaringiz koʻz yoshlari!»;

Ayoli tomchilar ostiga ana shunday bitik bitib joʻnatdi.

Daho maktubda tomchilarni koʻrdi. Bosh irgʻadi-irgʻadi, dimogʻida kuldi.

«O, xuddi kitobdagiday! — dedi. — Eh, ovsar Sharq, soddadil Sharq! Bular hamon kitobdagi gaplarga ishonib yuribdi!»;

25

Qoʻydi-chiqdi oʻzi boʻlmaydi. Tag-zaminli bahonai sabab lozim boʻladi.

Boisi, oʻrtada bir juft qorakoʻz bor.

Ayolimni suymayman, desinmi?

Boʻlmaydi! Ayoliga koʻngil qoʻyib uylanib edi, she’rlar bagʻishlab uylanib edi!

Ayolim kasal, desinmi?

Boʻlmaydi! Yigit boʻlsang davolat, deydi!

Savodsiz, desinmi?

Buda boʻlmaydi! Shoir boʻlsang, sirtdan oʻqit, deydi!

Ayolim...xiyonat qildi, desinmi?

Yoʻq-yoʻq, ayoli halol ayol!

Daho bir varaq qogʻozni aji-buji chizib oʻyladi.

Oʻylari ana shu chiziqlarday ayqashib chuvalashdi.

Varaq orqa tarafini oʻngardi. Qoʻli ixtiyor etmish yoʻsinda maqsadsiz chizib oʻyladi.

Oxiri oʻylab oʻyiga yetdi. Oʻzini-oʻzi oklayajak gap topdi.

Uylanganimda ayolim... bokira emas edi, deydi!

Nimaga shuni oʻshanda aytmading, desalar-chi?

Yigitlik gʻururim yoʻl qoʻymadi, deydi!

Chindan-da, Daho oʻz osh-qatiqlari oldida shu gapni aytib, oʻzini-oʻzi oqladi.

Gap ogʻizma-ogʻiz yurib-yurib, ayoli qulogʻiga yetdi.

Ayoli shunday maktub yoʻlladi, oʻz qalbini shunday bayon etdi!

U, ayolim ushbu soʻzlarni biror kitobdan koʻchirib oldi, deya oʻyladi.

Tagʻin bir bor oʻqidi. Oʻyladi-oʻyladi, qaysi kitobdan ekanini bilolmadi.

«Jorj Sand boʻl-e, — dedi. — Agar oʻqisa, zoʻr adiba boʻlishi mumkin ekan»;.

Ayoli maktub oxirida debdi:

«Nima desangiz deng. Oʻlmagan jonim, chidayman. Lekin shu gapingizni qaytib oling. Men koʻz ochib, sizni koʻrib edim... Ayollik gʻururim bor»;.

Daho ogʻzi oʻng burchi bilan irjaydi. Maktubni toʻrt boʻlib tashladi.

«Nu-u, — dedi, — oʻzi bor-yoʻgʻi ayol-u, gʻururim bor deydi-ya! Ayolda gʻurur nima qiladi?»;

26

Daho kerishib esnadi.

Derazadan tashqari qaradi.

Daho bir qalqib tushdi!

Daho yuragini hovuchlab yurmish sinoat yuz berdi. Ayoli bolalarini ergashtirib kirib keldi! Ana, tashqarida qorovul chol bilan gaplashdi!

Ana, bolalari yoʻlak boʻyi gullarga qoʻl tekkizib koʻrdi.

Ana-ana, ayoli bolalari bilan idoraga qarab yurdi!

Daho koʻzlari ola-kula boʻldi,

Joyidan sapchib turdi. Tashqari otildi.

Ort eshikdan hovliga oʻtdi. Ziroat oralab chopdi. Devorga osildi. Koʻchaga oshib tushdi.

Ketiga qaramay chopdi!

Duch kelmish avtobusga chiqib oldi. Yelkasidan nafas oldi.

«Yaxshi boʻldi, yuzma-yuz boʻlmadim, — dedi. — Farzand farzand-da, koʻngilni eritib yuboradi. Qosh-koʻz yomon-da, odamni darrov asir etadi»;.

Ijarasida eshikni ichkaridan kulfladi. Deraza pardalarini tushirdi.

Kir koʻrpaga burkandi. Koʻzlarini yumdi.

«Endi topolmaydi, — dedi. — Qarab-qarab ketadi. Ammo idoradagilar oldida sharmanda boʻladigan boʻldim»;.

27

Shu yotishda yotdi.

Yotmish koʻyi ohista deraza parda chetini qayirdi. Tashqari moʻraladi.

Olam oqshom boʻldi.

Imillab tashqariladi. Hovlida chekib turdi.

Shu vaqt darvoza taqilladi.

Daho yuragi «shigʻ»; etdi!

Papirosini chertib tashladi. Ichkari yugurgiladi. Eshikni ichkaridan qulfladi. Ostonada alang-jalang boʻlib turdi.

Uy bekasi eshikni taq-taq urdi.
— Jiyaningiz keldi! — dedi.

Daho yelkadan nafas oldi. Eshik ochib bordi.

Darvozada jiyan jilmayib turdi.

Daho jiyaniga qoʻl berdi. Tevarakka alangladi. Boshqa birov yoʻqligini bildi. Jiyanini ichkari boshladi.

Jiyan ijara uyda omonat oʻtirdi. Togʻasidan hol-ahvol soʻradi.
— Idorangizga bordik, yoʻq ekansiz. Hali tushlikdan qaytmadi, deyishdi.

Daho bosh irgʻadi. Oynomaga tikildi.
— Birga ishlaydigan odamlaringizdan uyingizni soʻrab edik, bilmaymiz, u ijaradan-ijaraga koʻchib yashaydi, deyishdi.

Daho roʻyixushlik bermadi.
— Qaradik-qaradik, boʻlmadi. Endi umid yoʻq deb, vokzal bordik. Bir safar siz bilan qishloqqa borgan oshnangizni qoʻrib qoldik. Oʻsha uyingizni bilar ekan, yozib berdi.

Daho roʻyixushlik bermadi.
— Ayolingizni bolalari bilan vokzal qoʻyib keldim. Topamanmi-yoʻqmi, ovora qilmayin dedim-da.

Daho oynomadan, oynoma Dahodan toʻymadi. Jiyan Daho qoʻyniga qoʻl soldi:
— Uylaringizga koʻchib boradigan boʻldim, togʻa, — dedi. — Ammam qoʻymayapti. Endi chol-kampirga oʻzim qarayman. Besh kunligi bormi-yoʻqmi...

Ana shunda Dahoga jon kirdi! Yer ostidan jiyaniga qaradi. Misoli ta’ziyali tarzda gap boshladi.
— Shunday qiling, jiyan, — dedi. — Bizning taqdirimiz — mana, koʻrib turibsiz. Oʻz ona yurtimizga toʻgʻri kelmadik. Shart-sharoit deganday...
— Togʻa, men bir dehqonman. Siz oʻqimishli odamsiz. Dunyoning kitobini oʻqigansiz...
— Gap oʻqishda emas...
— Oʻqishda, togʻa, oʻqishda. Chol-kampirlar oʻzi yemay-oʻzi ichmay, sizlarni oʻqitadi. Shular oʻqib kelib, turmushimizni yaxshilasin, yerimizga qarasin, deydi. Sizlar esa tayyoriga — shaharga chopasizlar. Sharoit yomon boʻlsa, mana siz shoirsiz, yozing — uyoq-buyoqqa!
— Gap bitta menda emas.
— Bilaman, gap bitta sizda emas. Bu azaldan bor gap. Ukkagʻarlar oʻqib, bittalab shaharga qochadi. Oqibat, qishloqlarimiz avval qanday boʻlsa, shundayligacha qolib ketadi!

Daho ensasi qotdi. Tagʻin oynomaga tikildi. Jiyan boshqa gapga oʻtdi:
— Togʻa, ayolingizni olib keldim, — dedi. — Yaxshimi-yomonmi, bir yostiqqa bosh qoʻyib edingizlar.
— Nu!
— Togʻa, bolalaringiz vokzalda qoldi...
— Nu!
— Ular pushtikamaringizdan boʻlgan bolalaringiz...
— Nu!
— Ularni borib olib kelsam, degan edim.

Daho xayolidan sochlari qazgʻoq, yonoqlari kir, ogʻzi sassiq ayoli oʻtdi!
— Da nu!..— deya, tumshugʻini choʻzdi.

Jiyan egilib, Daho yuziga qaradi. Qaradi-qaradi, koʻngli buzildi.
— Togʻa, qora koʻzning yoshi yomon, qora qoshning ohi yomon!
— Da nu!..

Jiyan oʻpkasini bosolmadi. Koʻzlarida yosh halqalandi. Hiq-hiq yigʻladi...

Jiyan yonoqlarini arta-arta eshikka ravona boʻldi.

28

Daho adabiy-badiiy davralarga koʻshildi.

Davra oʻzlaridan oʻzgalar fisq-fasodini qildi. Koʻngillari orom oldi. Jagʻlari toldi.

Birov derazaga qarab xayol surdi. Birov papiros tutunini shiftgacha kuzatib xayol surdi. Birov boʻsh shishaga qarab xayol surdi.

Shu vaqt, ostonada ulugʻ shoir qora berdi.

Ulugʻ shoir davrani koʻrib, koʻrmaslikka olib ketdi.

Davra tagʻin jonlandi. Endi ulugʻ shoirni mazammat qildi:
— Nimasiga kekkayadi, xayronman.
— Tumshugʻiga solsang.
— Shoir sifatida shoir, odam sifatida bir pul!
— Odam emas!
— Yashang, ichim ekansiz.
— Avvalo, odam boʻlish kerak, odam!
— Grajdan boʻlish kerak, grajdan!
— Men uning asarlarini hurmat qilaman, oʻzidan jirkanaman.
— Asari boshqa, oʻzi boshqa.
— Basharasi sfinkslarga oʻxshaydi.
— Oʻzidan asari yaxshi.
— Asarlariyam unday zoʻr emas.
— Ekzotika!
— Etnografiya!
— Qandaydir otlarni, atlaslarni yozadi.
— Haligi, otning ruli bor-ku, oti nima edi?
— Otning ruli?
— Ha, otning ruli, otni mana bunday qilib boshqaradigan ruli bor-ku?
— Yugan.
— Ha-ha, yugan! Shu yuganga taqilgan taqinchoqlargacha tasvirlaydi.
— Ot bir hayvon boʻlsa, mashina boʻlmasa.
— Provinsialʼ! Oʻz qishlogʻi darajasida boʻlib qolgan!
— Primitiv! Oʻzining milliy qobigʻini yorib chiqolmagan!
— U xalqni oʻzining goʻzal tili bilan aldayapti!
— Adabiyotda til yerunda!
— Ulugʻ shoir emish... Dunduk!
— Kim?
— Dunduk!

Shoirlar ogʻzidan tutun burqsitib-burqsitib kuldi. Bir shoir shisha olib kelish uchun qoʻzgʻoldi. Davra endi uni mazammatladi:
— Shuginayam birovga kuladi-ya?
— Buning birovga kuladigan holi yuq.
— Nega unday deysiz?
— Eshitganingiz yoʻqmi? Siz toshkentliksiz-a? Toshkentda kelinoyi, degan gap bor. Kelin oyi degani ikkinchi oyi, degani, shundaymi? Ana shu iflos kelinoyisi bilan, ya’ni, ikkinchi onasi bilan zino qilgan.
— Yoʻgʻ-e?
— Xudo ursin agar! Akasini harbiy askarlikka joʻnatib, oʻzi akasining ayoli bilan zino qilgan!
— Keyin, Toshkentga kelib, bu muhabbat edi, deb asar yozgan!
— Voy iflos-e!
— Ana shunday iflosning kulmagan odami yoʻq.
— Iflos, oʻziga oyna olib qarasa boʻlardi! Shoir bitta shisha olib keldi.

Davra darhol gapni burdi.
— Keling, shoir, yashang!
— Zoʻrsiz, zoʻr!

Davra qoʻzgʻoldi. Eshikka ravona boʻldi. Sotuvchi ayol qabatida turmish tanqidchi Xolboevdan soʻradi:
— Bular kim, domulla? — dedi.
— Olomon! — dedi Xolboev.

29

Saraton sargʻaydi. Sunbula bolaladi. Mezonlar argʻamchi soldi. Yakkaxon bedana juftini chorlab bitbildadi. «Oq oltin»; hasharga chorladi.

Daho hasharda oʻzini kamsitilmish zot deb bildi, xoʻrlanmish zot deb bildi.
— Menday zotni paxtaga haydadi-ya, savodsizlar, menday zotni-ya! — dedi.

Qabatida paxta termish hamkasbi Dahoni pufladi:
— Zoʻrsiz, shoir, zoʻrsiz! — dedi.

Daho iyib ketdi. Shahodat barmogʻini hamkasbiga bigiz qildi.
— Siz — tarixiy shaxssiz! — dedi.

Hamkasbi dovdiradi. Uyoq-buyogʻiga alangladi. Oʻzida biror-bir tarixiylik koʻrmadi.
— Yoʻgʻ-e, biz hali u darajaga yetganimiz yoʻq, — dedi.
— Yoʻq, ortiqcha kamtarlik — manmanlik! Siz allaqachon tarixiy shaxssiz!
— Tushuntirib ayting, oʻzi nima gap?
— Siz men bilan ishlash sharafiga muyassar boʻlmoqdasiz! Men bilan yelkama-elka boʻlib mehnat qilmoqdasiz! Bu — buyuk sharaf! Hali zamonlar keladi, nomingiz tarixlarga bitiladi!
— Qulluq, qulluq!

Odamlar Dahoga buyuksiz, deya iltifot qildi, mulozamat qildi, marhamat qildi.

Faqat bir-ikkita qiz Dahoni koʻrib, koʻrmaslikka oldi. Dahoga qarasa-da, burnini jiyirib qaradi.

Daho favqulodda shunday deb qoldi:
— Qizlar, tarixda qolishni istaysizlarmi? Qizlar nima gap, deya, bir-biriga qaradi.
— Nima-edi? — deya ajablanib soʻradi.
— Mabodo tarixda qolishni istasalaring, men bilan rasmga tushinglar!
— Kim bilan?
— Men bilan! Rasm tanlangan asarlarimda beriladi! Rasm tagiga: «Pahlavon Daho zamondoshlari davrasida»; deb yozib qoʻyiladi! Men bahona tarixda qolasizlar!
— Voy-vo-oy, qachon tushaylik!
— Xohlasalaring, mana, hozir tushinglar! Rasm tagiga: «Pahlavon Daho xalq bilan paxta terimida»;, deb yozib qoʻyamiz!

Daho madaniyat uyidagilar joniga tegdi.
— Shu daf boʻlsa, idorada osh qilamiz! — deyishdi.

30

Dahoni ohlar urdi.

Bir vaqtlar madaniyat uyida ishlab, roʻznomaga oʻtib ketmish odam bandalik qildi.

Madaniyat uyi ahli marhum bilan vidolashish uchun mozor yoʻl oldi.

Daho turli-tuman vajlar aytib taysalladi.

Boʻlmadi, idora ahliga ergashdi.

Mozorda marhumni rasmidan tanidi.

Marhum bir vaqtlar Dahoni roʻznomaga ishga olmab edi.

Daho yuzi yorishdi. Koʻngli orom oldi. «Sen ham oʻlar ekansan-ku»;, dedi. Marhumni lahadga qoʻydilar. Mozorga tuproq tortdilar.
— Xaloyiq, marhum qanday odam edi? — deya soʻradilar.

Odamlar yoppasiga ovoz berdi:
— Yaxshi odam edi, rahmatli, yaxshi odam edi! — deya javob berdilar.

Madaniyat uyi ahlida ovoz berdi:
— Yaxshi odam edi, bechora, yaxshi odam edi!

Daho tishlarini gʻijirlatdi. Tishlari orasidan vishillab aytdi:
— Iflos edi! — dedi.

Motam sukunati-da, gap baralla eshitildi. Madaniyat uyi ahli yer yorilmadi, yerga kirib ketmadi! Direktor idorada oʻzini bosolmay entikdi. Entikib-entikib suv ichdi. Qult-qult suv ichdi. Oʻrinbosarini chaqirdi.
— Anavi shimpanzeni koʻzimdan yoʻqoting! — dedi.
— Kimni-kimni?
— Haligi, shimpanze bashara-chi? Taxallusi Darozmidi, Dahomidi...
— Ha endi, shoir-da, shoir...
— Men sizga aytyapman!
— Xoʻp, bir ogʻiz soʻzingiz! Buyruq shu kuni tayyor boʻldi.
— Aytaman! — dedi Daho. — Men — fazoga intilgan inson!

Direktor basharang qursin, demishday, derazaga qaradi.
— Hozir oshkoralik davri! — dedi Daho. — Men haqiqatni yuzingizga aytib, vijdonim oldida poklanib ketaman! Sizlar mana bundaysizlar!

Daho devor chertib koʻrsatdi. Direktor esankirab muomala boshladi:
— Shoir...
— Sizlar haqiqat koʻziga tik qaray olmaysiz! Haqiqatdan qoʻrqasiz! Haqiqatni ayta bilmaysiz! She’riyat pichogʻini qalbga sanchib aytajaklarni esa nohaq ishdan haydaysiz!
— Shoir...
— Men — fazoga intilgan inson!

Daho dagʻ-dagʻ qaltiradi. Sochlari ot yollariday hurpaydi.
— Sizlar asrlar davomida chaynala berib, siyqasi chiqib ketgan «yaxshi odam edi»; qabilidagi gaplarni takrorlashdan boshqani bilmaysizlar! Sizlar toʻtiqushsizlar! Birov nima desa, toʻtiqushlarcha qaytarasizlar! «Yaxshi odam edi»; emish! U ablah edi! Meni bir oy sinab koʻrib, ishga olmagan! Mana, men she’riyat pichogʻini qalbimga sanchib, haqiqatni aytdim! Men — haqiqatman, haqiqat!

Daho «oʻz arizasiga binoan»; ketdi.

31

Daho yillab tentirab yurdi. Besh-oltita dahonamo murid topib oldi. Makondan oh-zor etdi:
— Bular oʻtlab yurgan qoʻylar! Qoʻylar Pahlavon Dahoni tushunmaydi! Bu asrda hech kim Pahlavon Dahoni tushunmaydi!

Taqdirdan oh-zor etdi:
— Qoʻylar ijodimni boʻgʻdilar! Qoʻylar she’rlarimni taqiqlab qoʻydilar!..

Daho nonkoʻr-nonkoʻr she’rlar yozdi. Daho gʻalamis-gʻalamis she’rlar yozdi.

Yurdi-yurdi, bir roʻznomadan ish topdi.
— Mayli, ishga olaman, — dedi muharrir. — Faqat, soqolni olib keling!

Muhtojlik oldida gʻururda ojiz boʻldi, sharafda ojiz boʻldi!

Daho soqolini qirib tashladi.

«Tagʻin, mundshtugimda yoqmay qolsa-ya?»; deya oʻyladi.

Daho sarxonali mundshtuk bahridan oʻtdi.

Daho roʻznomaga el boʻldi.

Roʻznoma uy va’da berdi.

Ayollar qayliq tavsiya etdi.

Daho qayliq sayladi.

«O, ana qizlar, mana qizlar! — dedi Daho. — Sochlar tovlanadi, tishlar yaltiraydi! Boʻylaridan fransuz atiri isi keladi...»;

32

Daho nazmdan koʻngli qoldi.

Kishi bilmas, nasrga oʻtdi. Oʻzicha nasrni oson oʻyladi.

«Barcha nasrchilarni yer bilan tep-tekis qilib tashlayman!»; — deya niyat qildi.

Bir-ikkita Marselʼ Prustcha hikoya yozdi. Hikoyalari gʻoyat gʻarib boʻldi. Gʻoyat xashaki boʻldi. Zafar qozonishi amri mahol boʻldi.

Daho nasrni yigʻishtirdi.

Yurdi-yurdi... Tanqidga oʻtdi. Telba-teskari gaplardan iborat maqolalar yozdi.

Bilmovchilar chapak chaldi. Maqolalarni oʻziga xoslik, dedi, yangilik, dedi.

Bilagʻonlar ichidan kuldi. Dahoga chittak ijodkor, deya qaradi.

Daho ushbu qarashlar mazmunini ich-ichidan his etdi. Tanqidnida yigʻishtirdi!

Adabiyot deya atalmish boqiy qasrni qanday olsa boʻladi? Adabiyot deya atalmish koʻhna qasrga qanday kirsa boʻladi? Oʻzi, Adabiyot deya atalmish qasr darvozasi bormi? Boʻlsa, qaerda?

Daho oʻyladi-oʻyladi, Adabiyot ostonasi qaerdaligini bilolmadi.

Shunda, Daho Adabiyotni guruh-guruh boʻlib olishga ahd qildi.

Odamgarchilik niqobi ostida guruh yigʻdi. Doʻstlik niqobi ostida guruh yigʻdi.
— Avvalo odam boʻlish kerak, odam! — dedi. Guruh oʻnlar qoʻmitasi, deya ataldi. Qoʻmita orzu-havasi yuksak boʻldi:
— Bu adabiyot boʻlmaydi!
— Navoiydan boshlab boʻlmaydi!
— Qodiriy ham boʻlmaydi!
— Primitiv, primitiv!
— Haqiqiy adabiyotni biz yaratamiz, biz!
— Yana oʻn-oʻn besh yillardan keyin anavi ulugʻ shoir she’rini hech kim oʻqimaydi!
— Xalq oʻn yildan keyin bizni oʻqiydi!
— Mana shu oʻntamizni oʻqiydi!
— Shunday ekan, kelinglar, adabiyotni oʻz qoʻlimizga olamiz!
— Siz kotib boʻlasiz!
— Siz muharrir boʻlasiz!
— Siz direktor boʻlasiz!
— Anavi ulugʻ shoirni esa adabiyotdan haydab yuboramiz!
— Qani, doʻstlar, adabiyotni qoʻlga olish uchun choʻqishtiraylik!

Oʻnlar qoʻmitasi ana shunday shiorlar bilan ish koʻrdi.

Qoʻmitada oʻz nasrbozi boʻldi, oʻz nazmbozi boʻldi. Tanqidchi Shuhrat Umiraliev otli oʻz maqtovbozi boʻldi.

Shuhrat Umiraliev oʻz maqolalarida oʻnlar qoʻmitasi uchun yot ijodkorlarga tosh otish bilan mashgʻul boʻldi. Oʻnlar qoʻmitasi uchun yot ijodkorlarni yoʻqqa chiqarish payida boʻldi.

Oʻnlar qoʻmitasi bandalarini boʻlsa, oyogʻini osmondan keltirib maqtadi.

33

Shuhrat Umiraliev bir roʻznomada «Ona tuproq obrazi»; deya atalmish maqola chop etdi.

Ushbu maqolasida Pahlavon Dahoni koʻklarga koʻtarib ulugʻladi:

"Ona-Yer — tuproq demakdir. Tuproq esa ona yurt demakdir. Qator asrlarki, ana shu ona-Yor buyuk oʻgʻillarini bagʻriga bosib allalab keladi. Shu sababdan oddiy tuproqni peshonamizga surtamiz. Ona-Yor, deya ardoqlaymiz. Ona-Yer — onamiz!

Ulugʻ Navoiy bu borada mana bunday yozadi:

Oʻzini tutquvchi tufroq ila hamvor qani?

Hazrat Yassaviy esa bunday yozadi:

Boshim tufroq, oʻzim tufroq, jismim tufroq...

Endi, yorqin yulduzimiz Pahlavon Daho bunday yozadi:

Hayqiraman Sezardek — hayqirigʻim tufroq...

Pahlavon Daho Navoiy bilan Yassaviydan keyin uchinchi boʻlib she’riyatga «tufroq»; obrazini olib kirdi.

Navoiy — Yassaviy — Pahlavon Daho!"

Daho maqolaga tikilib oʻtirdi-oʻtirdi... oʻz-oʻzidan uyaldi! Oʻz-oʻzidan qizardi!

Ich-ichidan tanqidchi, deya atalmish zotga achindi.

«Bechora tanqidchilar, — dedi. — Bular maqtashniyam eplay olmaydi! Navoiy bilan Yassaviydan keyin minglab shoir bor, minglab she’r bor, minglab »;tufroq« soʻzi bor! Oʻzi, bu yerda qanaqa »;tufroq« obrazi bor? »;Tufroq« soʻzi boʻlsa, obraz boʻla beradimi?»;

Shunday boʻlsa-da, Daho Shuhrat Umiraliev bilan qoʻshqoʻllab koʻrishdi.
— Rahmat, doʻstim, rahmat! — dedi. — Siz Belinskiy ekansiz!

34

Pahlavon Daho hayitlari olis boʻlmadi.

Tanqidchi Xolboev bir roʻznomada Shuhrat Umiralievni urib chiqdi. Umiralievni yer bilan barobar qildi.

«Biri oʻlib, biri qolsin!»; dedi Daho.

Maqolani bot-bot oʻqidi. Favqulodda ich-ichidan yondi. Boisi, tanqidchi Xolboev maqolada Shuhrat Umiraliev bahona Dahoni yoʻq qildi! Pahlavon Daho shoir emas, deyishi qoldi!

Daho payt poyladi. Shunday payt topdi.

Oʻsha roʻznoma dahliziga borib chekib turdi.

Ichkaridan tanqidchi Xolboev chiqib keldi. Papiros tutata-tutata, hojatxonaga kirdi.

Daho dahliz bosh-adogʻiga qaradi. Oʻzidan oʻzga odam yoʻqligini bildi. Ohista Xolboev ketidan kirdi.

Xolboev yerga boqib oʻtirdi.

Dahoda ohista Xolboev qabatidan oʻtirdi.

Oralarida bir simpanjara boʻldi.

Daho yerga qarab gap ochdi.
— Tanqidchi — olatayoq! — dedi Daho. — Melisalar qoʻlidagi olatayoq!

Shunda, Xolboev bosh koʻtarib qaradi. Qabatida oʻtirmish kimsani tanidi. Lekin miq etmadi. Tagʻin yerga qaradi.
— Tanqidchi — tugʻmas xotin, pushti kuyib ketgan ijodkor! — dedi Daho. — Shunday ekan, nega endi pushti kuyib ketgan tugʻmas ijodkor, tugʻib yurgan ijodkorga tugʻish qanday boʻlishini oʻrgatadi? Axir, tanqidchi tugʻish nimaligini bilmaydi-ku? Siz mening bitta she’rimniyam yozolmaysiz! Lekin men sizning maqolalaringizni oyogʻim bilan yozib tashlayman! Shunday ekan, nega endi adabiyotga tumshugʻingizni tiqasiz?

Xolboev tagʻin miq etmadi. Papiros burqsitib oʻtira berdi.
— Tanqidchi — it! — dedi Daho. — Bir nimani bilsa-bilmasa akillay beradi! Akillama, desa, battar akillaydi!

Xolboev oʻtirib-oʻtirolmadi. Apil-tapil turdi. Keta-keta:
— Palpis! — dedi.

35

Ulugʻ shoir nazmi Daho koʻksida oʻq misol qadaldi.

Daho koʻksini ushlab kun koʻrdi.

Yeganidada halovat boʻlmadi, ichganidada halovat boʻlmadi.

Ulugʻ shoirni koʻrsa, ichini it tirnadi. Ich-ichidan gʻashlandi.

Ulugʻ shoir boʻlsa, Dahoni koʻrib, koʻrmadi. Tevarakka ulugʻona nazar soldi.

Daho afti burishdi, Daho peshonasi tirishdi.
— Tfu-u, — deya, chetga tupurdi.

Qabatida turmish shishadoshi kinoya bilan soʻradi:
— Qalaysiz endi, shoir?
— Basharasiga tupursang! — dedi Daho. — Yurishini qarang, asariga tirnoqcha oʻxshasa oʻlsin agar!
— Siz bilan biz-ku, yomon boʻlsayam, ikki martadan uylandik.
— Bu, uylanmaydiyam!
— Nimasiga uylanadi?
— Bunga kim ham tegardi?
— Yo...

Daho shunday deya, shishadoshi qulogʻiga pichirladi. Shishadoshi boshini chapga qiyshaytirib kuldi. Tizzasiga shapatilab kuldi.
— Ammo-lekin topdingiz, doʻstim, — dedi. — Yoshi oʻttizdan oshib ketdi, hamon soʻppayib yuribdi. Bir balosi boʻlmasa shudgorda quyruq na qilur, deydilar.
— Soʻraganlarga, hali-hozir izlanyapman, deb bahona qilarmish.
— Topgan bahonasini qarang... arpa uni bahona, deganlari shu-da!
— Yigit uylanadi, doʻstim, yigit uylanadi!
— Mana, yigit bizday boʻladi! Allaqachon uch marta uylanib qoʻydik! Nasib boʻlsa hali yana uylanamiz!
— Ammo-lekin topdingiz, qoyilman. Men bu gapni oʻrtoqlargayam aytib chiqaman.
— Aytish kerak, haqiqatni targʻibot qilish kerak. Daho lablarini choʻchchaytirdi. Shahodat barmogʻini lablariga bosdi.
— Tagʻin, meni aytdi demang, — dedi. — Bir avlod degan nomimiz bor...
— Oʻldimmi, sizni aytib. Sizgayam, oʻzimgayam gard yuqmaydigan qilib aytaman.

Daho miyigʻida kuldi. Koʻzlari oʻynadi.

«Ana endi ulugʻ shoirga birortayam qiz tegmaydi! — dedi. — Koʻchama-koʻcha ichib, daydi boʻlib yuradi. Och-nahor, isqirtlarcha tentirab kuni oʻtadi. Keyin, ijodidayam tayin boʻlmaydi. Oxir-oqibat, yolgʻizlik joniga tegadi. Oʻz-oʻzidan qishlogʻiga ketib qoladi»;.

36

Ulugʻ shoir uylanar emish!

Daho ushbu gapni eshitib rangi oʻchdi. Sergak tortdi. Bir nuqtaga tikildi.

«Yigit boshi ikkita boʻlmaguncha, moli ikkita boʻlmaydi, — dedi. — Ana endi u uylanadi. Roʻzgʻorlik boʻladi. Birdan songa kiradi»;.

Daho chirsillatib gugurt chaqdi. Qoʻllari titrab, papiros tutatdi.

Bosib-bosib papiros tortdi. Poʻk-poʻk yoʻtaldi. Koʻzlari yoshlandi.

Papirosli qoʻlini tumshugʻiga qoʻyib oʻylandi.

«Yoʻq, qanday qilib boʻlsa ham bunday baxtning oldini olish kerak! Ammo qanday qilib baxtning oldini oladi? Boʻlajak kelinni tanimasa, ulugʻ shoir u bilan maslahatlashmasa? Bir ogʻiz maslahat soʻrasa edi, oʻzi bilardi, toʻyni qanday qilib buzishni»;.

Daho koʻp oʻyladi. Oʻzicha turli-tuman hiyla-nayrang, gʻiybat-igʻvolarni oʻyladi. Oxiri bir qarorga keldi.

Shu kuniyoq boʻlajak kelin boʻlmish idorasidan bir-ikkita ayol bilan gapirishdi. Ta’ziya bildirmishday, yuzlariga gʻamgin tus berdi.
— Hay bechora qiz-e, peshonasi shoʻr ekan-da, — deya bosh irgʻadi.
— Unday demang-e, — dedi ayollar.
— Peshonasi shoʻr boʻlmasa, kelib-kelib shu bolaga tegadimi?
— Qoʻying, baxti ochilib ketsin.
— Bechora hech kimi yoʻq, yetim qiz boʻlsa kerak-da?
— Nega endi, tuppa-tuzuk ota-onasi, aka-ukalari bor, tag-tugli qiz!
— Unda, nega bir isqirt alkashga tegadi?
— Voy, alkashmi?
— Boʻlmasam-chi, hali eshitganlaringiz yoʻqmi?
— Yoʻq.
— Gʻirt alkash! Qoʻli mana bunday qaltiraydi!
— Voy, qoʻli qaltiraydimi?

Ayollar bir-biriga savol nazari bilan qaradi.

Daho otni qamchiladi.
— Nafaqat alkash, — dedi. — U bir daydi bola. Qaerda qorni toʻysa, qaerda kuni oʻtsa, oʻsha yerda yotib qoladi. Singlimizga.... kelin boʻlmishning oti nima edi? Kelin boʻlmish singlimizga esa uyim-joyim deydigan inson kerak, shundaymi? U esa inson emas! Shunday qoʻpol, shunday qoʻpol! Uni odam qilib boʻlmaydi!
— Yoʻgʻ-e, unchalik emasdir.
— Yigit soʻzim! Biz u bilan doʻstmiz! Bir-birimizni besh qoʻlday bilamiz! Yigit soʻzim, shu qiz toʻydan uch kundan keyin koʻzida yosh bilan qaytib kelmasa, otimni boshqa koʻyaman!
— Boʻyingizdan opangiz qoqindiq, agar shuncha aytmasangiz, bir bechora qiz oyoqosti boʻlarkan.

Daho bildi, gapi ijobat boʻla berdi.
— Agar shu singlimiz oʻsha bola bilan ikki oydan ortiq yashasa... yigit emasman! — dedi.
— Boʻldi, boʻldi, gap yoʻq!
— Tagʻin, meni aytdi demanglar.
— Ha, yoʻgʻ-e...

Ayollar shunday deya, qiz oldiga yoʻl oldi.

Daho yelkadan nafas oldi. Kaftini kaftiga mamnun ishqadi.

«Buyogʻiniyam qotirdim! — dedi. — Qiz boshqa gaplarimga ishonmasayam, qasamimni eshitib ishonadi. Doʻsti qasam ichib aytibdi, chin, deya oʻylaydi. Ajoyib xalqimiz bor-da! Koʻzni chirt yumib qasam ichasan, xalq laqqa ishonadi-qoʻyadi! Karnaychidan puf ketdi, qasamxoʻrdan nima ketdi? Maladets Sharq, maladets! O, Sharq, Sharq!»;

Ayollar qizni oʻrtaga oldi. Bor gapni aytdi.
— Yomon bola bunday yaxshi asarlar yozolmaydi, — dedi qiz. — Koʻp icharmish? Menimcha, kayfiyati buzilib ichadi, yolgʻizlikdan ichadi. Uyli-joyli boʻlsa yaxshi boʻp ketadi. Bordi-yu, sizlar aytganday boʻlsa, mayli, peshonamdan koʻraman...

Ayollar battar boʻl, deya qoʻl siltadi.

37

Toʻydan keyin uch kunda oʻtdi, uch oyda oʻtdi, uch yilda oʻtdi!

Kelin bilan kuyov binoyiday boʻldi.

Kuyov uchun kelindan yaxshi boʻlmadi, kelin uchun kuyovdan yaxshi boʻlmadi.

Ulugʻ shoir unib-oʻsdi!

Daho oʻzini qoʻyarga joy topolmadi. Dardi ichida boʻldi.

«Voy ablah-e, yashab ketdi-ya! — dedi. — Men uni faqat iste’dodmikan desam, bu iflos yaxshi odam ham ekan!»;

Daho oʻz koʻnglini oʻzi koʻtardi.

«Bir hisobga yaxshi boʻldi, — dedi. — Roʻzgʻor tashvishlari bilan boʻlib, asarlariyam oʻzimiz qatori boʻlib qoladi»;.

Daho oʻyladi-oʻyladi, ulugʻ shoir bilan ayoli orasiga nizo solishni moʻljalladi.

«Ammo qanday qilib nizo soladi? U iflos salomni olmasa. Koʻrib koʻrmaslikka olsa»;.

Daho endi raqqos boʻldi.

Oʻzini ulugʻ shoirga doʻst qilib koʻrsatdi.

Bir-ikkita she’r oʻqitdi. Maslahat soʻradi.

Ikkita yarimta olib uyiga bordi.

Ulugʻ shoir Daho bilan ostonada gaplashdi.

Daho ichida soʻkib-soʻkib qaytdi.

«Uh, ablah! — dedi. — Bir ogʻiz ichkari kir, demadi-ya! Qarab tur, ayoling bilan ajralmaganingniyam koʻraman! Bu dunyoda oilasi bilan ajralgan erkakni el ham, siyosat ham koʻtarmaydi. Dunyodan xor-zor boʻlib oʻtmaganingniyam koʻraman»;.

38

Daho ulugʻ shoir zaif joyidan foydalanishni maqsadladi.

Koʻcha-koʻylarda ulugʻ shoir bilan shishadosh boʻldi. Qadah choʻqishtirdi. Alyor aytdi.
— Doʻstim! — dedi. — Bizning taqdirimiz ham bir, mozorimiz ham bir! Keling, umrbod doʻst boʻlib qolaylik!
— Aytganingiz kelsin!
— Betingizni tuting, bir oʻpay!

Daho ulugʻ shoirni mast qildi. Serqatnov koʻcha boʻylab uyiga joʻnatdi.

Oʻzi burchakda panalab turdi.

Ulugʻ shoir chayqala-chayqala yoʻl oldi.

«Boʻldi! — dedi Daho. — Iflosni mashina turtib ketadi yo oʻzi kayf bilan yumalab tushadi»;.

Ammo, ulugʻ shoir ertalab otday oʻynoqlab keldi.
— Qalay, kecha yaxshi bordingizmi, doʻstim? — dedi Daho. — Juda xavotir oldim, doʻstim uyiga yaxshi bordimikin deb?
— Rahmat, doʻstim, rahmat. Uyga qanday borganimni bilmayman. Ertalab koʻzimni ochsam, uyda yotibman.
— Biz ham shu! Yuring, uyga eson-omon borganimiz uchun bir olaylik!

Ular oʻzlari xonaki boʻlmish xilvat qahvaxonaga bordi. Xiyla vaqt otamlashib oʻtirdi.

Daho ulugʻ shoirni koʻklarga koʻtarib maqtadi. Qahvaxonadan bir-birini suyab chiqdi. Ulugʻ shoir ulov toʻxtatmoqchi boʻldi.
— Tevarakni qarang, doʻstim, tevarakni! — deya avradi Daho. — O, bahor, oʻz oti oʻzi bilan bahor! Sof havoda yurishga nima yetsin!
— Toʻppa-toʻgʻri! — dedi ulugʻ shoir. — Haqiqiy doʻstim ekansiz!
— Keling, mana shu yerda xayrlashamiz. Siz mana bu koʻchadan yurasiz, toʻgʻri uyingiz oldidan chiqasiz! Men buyoqdan ketdim. Qani, bir oʻpib qoʻyay!

Daho ulugʻ shoirni hushyorxona joylashmish koʻchaga solib yubordi. Oʻn besh kunlikka tushadi, deya umid qildi.

Ertasi ulugʻ shoir tagʻin otday oʻynoqlab keldi.

Daho uf-f, deya tizzasiga urdi.

U endi ulugʻ shoirni ichirib, birovlarga qayrab koʻrdi.
— Muharriringiz sizni shoir emas, mening bir satrimga arzimaydi, deb aytdi, — dedi. — Juda xafa boʻlib ketdim, doʻstim. Agar kuchim boʻlsa, tumshugʻiga solardim.
— Kuch? Qancha kuch kerak? Qani, oʻsha quruq? Ulugʻ shoir muharrir huzuriga sher boʻlib yoʻl oldi. Daho pisibgina joʻnab qoldi.

«Nihoyat, uyi kuyadigan boʻldi! — dedi. — Iflos ana endi javobgarlikka tortilib ketadi»;.

Ulugʻ shoir muharrirni chaparasta qilib soʻkdi. Yoqasidan ushlab silkiladi.
— Yaxshilikcha ket! — dedi muharrir. — Boʻlmasa qamataman!

Ulugʻ shoir sherdan-sher boʻldi. Yoqasini ochib baqirdi:
— Qamat, mana, qamat! Meni qamatsang, tarixda qolasan!

Muharrir ulugʻ shoir yelkasiga qoqdi.
— Mastliqda boʻladi, — dedi.

Ulugʻ shoir shu kundan e’tiboran oʻzini Dahodan xolis oldi.

39

Oʻnlar qoʻmitasi jamuljam boʻldi. Daho ulugʻ shoirdan yorildi:
— Haqiqiy iflos ekan! — dedi. — Bir kunda tupurdi-ketdi!

Adabiy-badiiy davra ulugʻ shoirni mazammatladi:
— Endi bildingizmi, u bir mol-ku!
— U iflos xohlagan vaqtda tuzingizni yeb, tuzligʻingizga tupurib ketadi.
— Doʻstlar, menda bir gʻoya bor. Kelinglar, shu ulugʻ iflosni ihota qilib tashlaymiz!
— Ihota? Qanday qilib?
— Ulugʻ iflosni besh-oltita e’tiborli odam e’zozlaydi, qoʻllab-quvvatlaydi. Ana shu odamlar bilan bordi-keldisini uzib tashlaymiz.
— Qiyin, iflosni juda qadrlashadi.
— Oson! Masalan, biror gap toʻqib, oʻsha martabali odamlar e’tiborini yoʻq qilib tashlaymiz. Keyin hamma yerdan qadami uziladi, yakkamoxov boʻlib qoladi!
— Siz aytgan ihotani qilib koʻrdik. Ammo iflosning koʻnglidagiday boʻldi.
— Shunday, koʻnglidagiday boʻldi. Biz iflosni yakkamoxov qilib qoʻyamiz deb yursak, iflosning oʻzi tanholikka talpinib yurar ekan. Bilmasdan, qoʻllab qoʻyibmiz. Oqibat, iflos tamomila yolgʻiz boʻlib oldi.
— Bu iflos nega bunday qiladi-a?
— Ulugʻ iflos oʻzini sodda olib yurgan bilan aslida juda ayyor! U yaxshi biladi, ijodkor uchun eng muhimi qalb erkinligi. Qalb erkinligi esa qalb xotirjamligi demakdir, qalb sokinligi demakdir. Oʻzini chetga olishidan maqsad, oʻz qalbini sokin saqlamoqdir. Qachonki, ijodkor qalbi sokin boʻlsa, undan yetti uxlab tushga kirmagan satrlar buloqdek otilib chiqadi.
— Shu gapda jon bor.
— Siz bilan biz esa halloslab yashaymiz, vosvos kunda yashaymiz. Bironta yaxshiroq asar oʻqisak, bir kuyamiz! Birov biron martabaga koʻtarilgan boʻlsa, ikki kuyamiz! Birov mashina olsa, yo, noyobroq kiyim kiysa, uch kuyamiz! Asariga mukofot olsa-ku, kuyib-yonamiz! Qarabsizki, zarra boshidan oshqozoni yara boʻlgan ham biz, yurak oʻynogʻi ham biz, qon bosimi ham biz, asabi shalviragan ham biz!
— Ulugʻ iflos esa, oʻziyam otday, asarlariyam otday!
— Xoʻsh, nima demoqchi boʻlasiz?
— Demoqchimanki, iflos bizdan oʻzini olib qochyaptimi, qalbini avaylayaptimi, demak, biz iflosga tinchlik bermasligimiz kerak.
— Ana, asarlarini yomonlaymiz. Oʻz-oʻzidan asabi junbishga keladi-qoʻyadi.
— Yoʻq, bu bilan muvaffaqiyatga erishib boʻlmaydi. Ulugʻ iflos oʻz asarlari goʻzal ekanini yaxshi biladi. Gaplaringizga parvo ham qilmaydi. Boshqa bir yoʻlini topamiz.
— Masalan?
— Masalan, iflosni orqavoratdan badnom qilamiz. Hali aytganingizday, iflosning besh-oʻnta juda e’tiborli odamlar bilan salom-aligi bor, bordi-keldisi bor.
— Oʻshalar ulugʻ iflosni «bu bola bizning baxtimiz»;, deb ardoqlaydi.
— Iflosning nimasi baxt, t-fu!
— Oʻshalarga biz salom bersak, salomimizni zoʻrgʻa oladi.
— Biz bilan qoʻl uchida koʻrishadi.
— Iflosni esa peshonasidan oʻpib kutib oladi.
— Oy bitsayam, kun bitsayam, shu iflosga bitib qoldi.
— Siz bilan biz itning orqa oyogʻi boʻlib qoldik. Iflos esa oppoqqina boʻlib yuribdi.
— Oʻlmang, shuning uchun iflosni badnom qilib tashlashimiz kerak. Masalan? Masalan, iflos e’tiborli odamlar oldiga kirib-chiqib turadi, salom-alik qilib turadi. Kirib nima qiladi? Siz bilan bizni sotib chiqadi! Evaziga yelkasiga qoqtiradi, taqdirlanadi, ardoqlanadi. Ana, tayyor badnom!
— Xalq ishonmas-ov.
— Soddasiz, shoir, soddasiz. Xalqingiz olomon! Olomon! Olomon esa, oyogʻi bilan emas, ogʻzi bilan yuradi! Qarabsizki, gap yashin tezligida tarqaladi! Oxir-odoq, ulugʻ shoir asabiylashadi, jigʻibiyron boʻladi. Sokin qalbi larzaga keladi.
— Infarkt boʻladi!
— Oʻlmang, ichim ekansiz! Oxir-odoq, oʻzimiz qatori boʻladi-qoladi.
— Kallangizga qoyilman! Keling, bir oʻpib qoʻyay!

40

Saroy odamga liq toʻldi.

Hayallab kelmishlar deraza tokchalarida oʻtirdi, devor boʻylab tizildi, ostonada tik turdi.

Davra ikki koʻzi toʻrda boʻldi.

Shoirlar birin-ketin minbarladi.

Daho gali keldi. Daho avval-avval dovdiradi. Keyin-keyin oʻzini oʻnglab oldi.

Oʻzini sipo tutdi. Qulochlarini katta ochdi.

Koʻzlarini yumib she’r aytdi:

Menga qarab

Titraysan, daraxt

Izgʻirin oʻranish

Sening-da

Bargingni.

Mening ham kurtaklarim

Ichimda oʻrtanar

Koʻksimda toʻlgʻanar

Teshib yuborguday bagʻrimni!

Daho koʻzlarini ochdi. Davraga nazar soldi.

Davrada birov yelka qisdi. Birov lab burdi.

Birov eshikka ravona boʻldi!

Daho barini koʻrib-bilib turdi. Alam bilan tagʻin she’r boshladi.

Bu safar bir shivirladi, bir baqirdi, bir hayqirdi:

Seni koʻp esladim — kelmading

Men seni unutdim — kelmading

Men oʻzimni unutdim.

Mening umrim bir kukun

Kukunga aylangan bu kun

Men seni unutdim.

Birov ovoz berib kuldi. Birov hiring-hiring kuldi. Birov piq-piq kuldi.

Davra pichir-pichir boʻldi.

Old qatorda oʻtirmish bir oriq yigit zaharxanda bilan kuldi. Qabatidagilarga:
— Modernizm! — dedi. Daho chidab turolmadi.
— Nega kulasiz? — deya oʻshshaydi. — Siz oʻzi kimsiz?

Oriq yigit dovdirab qoldi. Birdan jiddiy boʻldi. Chalkashtirmish oyogʻini darhol yerga oldi. Joyidan ohista turdi.
— Meni Ibrohim, deydi. Moskvada sirtdan oʻqiyman, — dedi. — Kulishim boisi... she’ringizni tushuntirib bering!
— Men she’rimni savodsizlar uchun yozmayman!
— Men oʻzimni savodsiz deb bilmayman! She’ringizni tushuntirib bering!
— Men she’rimni Moskvada sirtdan oʻqiyotgan savodsizlar uchun yozmayman, deyapman!
— Xoʻp, biz savodsiz, deylik! Unda, she’ringizni yoqtirib bering! Savodsiz odam ham she’riyatni yoqtirishga haqqi bormi? Bor! Savodsiz odam ham nafosatdan zavq olishga haqqi bormi? Bor! Shunday ekan, she’ringizni yoqtirib bering!

Daho joyiga borib oʻtirdi.

Endi ulugʻ shoir minbarladi.

Davra gurr-gurr qarsak chaldi.

Ulugʻ shoir qarsaklar ado boʻlishini qaradi. Bir nuqtaga tikilib qaradi.

Olqish qarsak ado boʻla bermadi.

Daho... bit koʻzlari paxtasi chiqdi! Daho koʻzlari kuydi! Daho koʻzlari yondi!

Daho tashqariladi. Entikib-entikib nafas oldi. Labiga papiros qistirdi.

Izidan tagʻin bir shoir chiqib keldi. Dahoga gugurt chaqib tutdi.
— Qalay? — dedi.
— Chidasa boʻladi, — dedi Daho.
— Oʻziyam, xalq yigʻilibdi-da.

Saroyda nazm ulugʻ shoirdan, olqish xalqdan boʻla berdi.
— Nu-nu, sodda ekansiz, shoir! — dedi Daho. — Siz hali, xalqqa ishonib yuribsizmi? Xalq deganingiz poda-ku!
— Nega endi, ichida ziyolilar ham bor.
— Qat'iy nazar! Xalq — poda!

41

Uchrashuvdan keyin tor doirada oʻtirish boʻldi. Daho oʻzi quyib, oʻzi ichdi. Kayfi bir joyga bordi. Shu vaqt, bir sichqon shoirlar oyogʻi oralab chopdi. Chiy-chiy, deya chopdi.

Xudo berdi, Dahoga berdi!
— Ustoz she’r oʻqiyapti, desam, sichqon chiyillayapti ekan-da! — deya tirjaydi. — Ustoz... sichqon... poeziya...

Daho xoxolab kuldi. Yuzlari kuydirmish kalla boʻlib kuldi.

Shoirlar yerga qaradi. Shoirlar lab tishladi. Daho yomon vaziyatda qoldi.
— Hazilda bu, hazil... — dedi.

Ulugʻ shoir sodda-mugʻambir boʻldi. Sassiq gapni bilib-bilmaslikka oldi. Sening gaping... demishday, Daho tarafga qoʻl siltadi.

Daho imo gapga chiday olmadi. Lik etib joʻnadi. Mashinada chekib oʻtirdi.

Yoʻlda miq etmadi.

Manzilda xayr-ma’zurni nasiya qildi.

Uyida eshikni ichkaridan qulfladi. Chiroqni yoqdi. Oʻzini toʻshakka tashladi. Oyoqlarini silkib-silkib, liboslarini otdi. Bir poyi eshikka tarsillab tegdi. Bir poyi devorga tapillab tegdi. Liboslari yerda chappa boʻlib qoldi.

Burchakdan yarim shisha aroqni oldi. Tiqinini tishi bilan ochdi. Burchakka tuflab tashladi.

Shisha ogʻzidan qult-qult yutdi.

Tuyilib-tuyilib yoʻtaldi. Ogʻiz-burnini bilagi bilan artdi.

Mungʻayib oʻtirdi. Koʻzlari suzildi. Koʻzlari ilindi...

Deraza qorayib keldi.

Daho seskanib koʻz ochdi. Koʻzlarini uqaladi. Tevaragiga alangladi. Deraza tokchasida taxloqlik kitoblarga nazar soldi: Gi Belle, Frank Venay, Lionelʼ Rey...

Qoʻliga qalam olmishdan buyon ushbu kitoblarni qoʻldan qoʻymadi.

Daho yeyish uchun nonga zor boʻldi. Ammo Jak Ruboni oʻz narxidan yigirma barobar qimmat narxda sotib oldi.

Daho kiyish uchun koʻylakka zor boʻldi. Ammo Andre Dyu Busheni oʻttiz barobar qimmat narxda sotib oldi.

Oʻzini tashqi dunyodan xoli oldi. Toʻy-ma’rakalardan oyogʻini tiydi. Oshna-ogʻaynilar bilan borish-kelishni bas qildi. Radio-televizorni oʻchirib qoʻydi.

Daho aql-hushida Gʻarb boʻldi, ishoich-e’tiqodida Gʻarb boʻldi.

Daho gandiraklab-gandiraklab qoʻzgʻoldi. Suyanmish suyanchiqlaridan boʻlmish Mark Deluz kitobini oldi.

Oʻng kelmish betini ochdi. Betda «Men qanday qichqira olaman»; she’rini koʻrdi.

Endi oʻz kitobini oldi. Birinchi betini ochdi. Mark Deluz she’ri bilan Pahlavon Daho she’rini solishtirdi.

Oʻzini... oʻzini Mark Deluzdan kam koʻrmadi!

«Mark Deluzdan qaerim kam? — dedi. — Satrma-satr olib qaralsa, Deluzdan yuksak boʻlsam yuksakdirman, lekin kam emasdirman. Mana... bir-birovimizga juda oʻxshaymiz. Aynan oʻxshaymiz! Mark Deluz kim, Pahlavon Daho kim, bilib boʻlmaydi! Farqimiz, Deluz fransuz, men oʻzbekman»;.

Daho tobora qorayib bormish derazaga tikilib oʻyladi-oʻyladi... qoʻliga qalam olmishdan buyon ich-ichidan his etib yurmish haqiqatni idrok etdi.

Daho ushbu haqiqatni tiliga chiqarmay keldi. Tiliga chiqarish tugul, tan olmay keldi. Tan olishni istamay keldi.

Ushbu haqiqatni koʻngli bir burchida yashirib yurdi. Oʻzgalardan sir saqladi. Hatto, oʻzidan sir saqladi.

Boisi, ushbu haqiqat achchiq haqiqat boʻldi.

Ushbu haqiqat — Pahlavon Daho badanida yoʻq boʻldi!

Ushbu haqiqat Pahlavon Daho koʻnglida yoʻq boʻldi!

Badanda boʻlmasa, modernizm, futurizm, deya etalmish oqimlar oʻta bersin!

Koʻngilda boʻlmasa, syurrealizm, dadaizm, deya atalmish oqimlar oʻta bersin!

Bari-bari oqimlar badanda yoʻqlikdan bino boʻldi!

Bari-bari maktablar koʻngilda yoʻqlikdan bino boʻldi!

Badiiy san'at yaratilmishdan buyon yuzlab oqimlar yaratildi, yuzlab maktablar yaratildi. Barchasida oʻz vaqtida bir dovrugʻ soldi. Barchasida oʻz davrida bir shov-shuv boʻldi.

Barcha oqimlar oʻtdi-ketdi, barcha maktablar oʻtdi-ketdi! Faqat nomlari qoldi!

Ammo asl badiiyat qoldi! Asl san'at qoldi!

Ajabo, badan uchun ushbu badiiy quvvatni kim beradi?

Daho oʻyladi-oʻyladi...

Tabiat beradi! Qani, shu tabiat? Oʻzi, tabiat degani nimadir? Togʻlarmi? Bogʻ-rogʻlarmi? Daryo-koʻllarmi?

Daho peshonasiga tupurdi, Daho oʻngiga tupurdi, Daho chapiga tupurdi!

Daho tabiatga tupurdi!

Qoʻngil uchun ushbu badiiy quvvatni kim beradi?

Xudo beradi! Oʻzi, xudo bormi? Boʻlsa, qaerda? Inson xudo-xudo, deydi. Xudodan soʻraydi. Qani oʻsha... xudo?

Daho... xudodan nafratlandi!

«Tupurdim, senday xudoga tupurdim! — dedi. — Ulugʻ shoirga berding, menga bermading!»;

Daho... xudodan jirkandi!

«Bir sichqon misol kimsani ulugʻ shoir qilib yaratding, meni nortuya misol qilib yaratding»;.

Daho qoʻllarini musht qilib olazarak boʻldi. Shunda, kitoblar orasida turmish Qur'onni koʻrib qoldi.

«Ana, xudoning kitobi! — dedi. — Inson Qur'onni tilga olib qasam ichadi. Inson Qur'onni ushlab ont ichadi. Demak, xudoning kitobi-da!»;

Daho Qur'onga qarab turdi-turdi... Koʻziga Qur'on xudo boʻlib tuyuldi! Qur'onni xudo deya oʻyladi!

Daho Qur'onni yerga olib urdi! Qur'onni tovoni bilan ezgʻiladi!

Pechkani sharaqlatib ochdi. Qur'onni qulochkashlab pechka ichiga otdi.

Pechkadan kul gupilladi. Daho bet-boshiga urdi.

Daho koʻzlarini yumdi. Yuzini teskari burdi. Choʻntagidan gugurt oldi. Qur'onga olov tutdi.

Ammo Qur'on yona bermadi.

Daho tashqari otildi. Yermoyi olib keldi.

Pechka ust qopqogʻini ochdi. Qur'on uzra gʻulq-gʻulq yer-moyi quydi.

Qur'on bu safar olov oldi.

Daho choʻnqayib oʻtirdi. Qur'on yonishini tomosha qildi.

Qur'on lov-lov yondi!

Daho tizzalarini quchoqlab qaradi. Koʻzlari olovda qamashib-qamashib qaradi.

Qur'on gur-gur yondi!

Daho kosov bilan olov kovlab qaradi. Yuzlari olovda lov-lov etib qaradi.

Qur'on hur-hur yondi!

42

Daho guruhbozlik bilanda Adabiyotni ololmadi!

Xalq, oting nima, demadi!

«Uh, qoʻylar! — deya ijirgʻandi Daho. — Oʻtlab yurgan qoʻylar! Qarab tur, hali hammangni ketimdan qoʻyday ergashtirmasam koʻrasan!»;

Daho oʻyladi-oʻyladi, bir yumalab, vatanparvar boʻlib oldi!

Avvalo, oʻz maqsadi uchun vosita topdi. Ilk vositasi Orol bahrikamoli boʻldi. Tabiatni asrash qoʻmitasi odamlari bilan Orolga bordi.

Orol boʻyida sharshara sochlarini silab xayol surdi.

Poyida zangoridan-zangori bir olam chayqalib-chayqalib turdi. Qadimdan-qadim bir olam toʻlqinlanib-toʻlqinlanib turdi.

Orol buyuk Amir Temurni koʻrdi. Orol jahongashta Chingizxonni koʻrdi. Orol alloma Beruniyni koʻrdi...

Daho endi ana shu qadimdan-qadim Orol oti bilan jalloblik qiladi! Daho endi ana shu koʻhnadan-koʻhna bahrikamol nomi bilan jalloblik qiladi!

Daho yerga qaradi, Daho koʻzlarini yashirdi...

Amudaryo bilan Sirdaryo asrlar mobaynida oʻz qirgʻogʻidan toshib oqib yotdi. Bekordan-bekor Orolga quyilib yotdi.

El-yurt podsholari oʻzi bilan oʻzi hamankara boʻldi. Oʻzga yurtlarni zabt etish bilan mashgʻul boʻldi.

Oʻz yurtlari boʻlsa, shunday oyoqlari ostidan ikki birday daryo oqib yotsa-da, biyobon boʻlib qaqrab qola berdi.

Oʻz ellari boʻlsa, shunday oyoqlari ostidan ikki birday azim daryo oqib yotsa-da, suvga tashna boʻlib qolaberdi.

Nihoyat, el-yurtni oʻylaydigan podsholar olamga keldi. Amudaryo bilan Sirdaryo suvlaridan yobonlarni obod qildi. Bogʻ qildi, qishloq qildi, shahar qildi.

Endi Orol bahrikamolini toʻldirish uchun Amudaryo bilan Sirdaryoni tagʻin bor boʻyicha oqizib boʻlmaydi.

Daho ushbu haqiqatni ich-ichidan his etdi. Ammo tiliga chiqarmadi.

«Oʻlib ketmaydimi! — dedi. — Orol toʻladimi, Orol quriydimi, mening necha pullik ishim bor»;.

Yigʻilish boʻldi, Daho minbarga otilib chiqa berdi.

Minbarni mushtlab-mushtlab gapirdi. Hayqirib-hayqirib gapirdi. Xoʻrsinib-xoʻrsinib gapirdi.

Xalq qars-qars qarsak chaldi!

Daho vatanparvar shoir boʻlib tanildi!

Daho tagʻin bir yumalab, xalqparvar boʻlib oldi.

Boʻstonlikda achchiqtosh zavodi quriladi, deya, emish-emish oralab qoldi.

Daho otilib minbarladi.

Shartakilarcha soʻzladi, shakkoklarcha soʻzladi!

Qoʻli bilan Boʻstonliq tarafni koʻrsatib-koʻrsatib soʻzladi.

Kafti bilan Boʻstonliq tarafga chorlab-chorlab soʻzladi.

Xalq yerni tepib-tepib olqishladi!

Boʻstonliqda boʻlsa, achchiqtosh zavodi qurilmadi. Gap mish-mishligicha qoldi.

Daho yomon vaziyatda qoldi. Ammo sir boy bermadi.

«Zavod bilan nima ishim bor! — dedi. — Tupurdim, xalqigayam, tabiatigayam tupurdim! Menga zavod degan gap boʻlsa boʻldi»;.

Daho xalq manfaatini koʻzlovchi shoir boʻlib tanildi!

43

Daho eshitdi: ayoli bolalari bilan uydan ketdi. Daho eshitdi: uyga jiyani koʻchib keldi. Shu-shu, Daho qishlogʻiga borib kelar boʻldi.

44

Mashina Daho mavlud topmish uy oldida oyoq ildi.

Ostonada onasi qora berdi.

Dahoni bagʻriga bosib-bosib yigʻladi. Aytib-aytib yigʻladi.

Daho ichkariladi.

Daho mehmonxona eshigini ochiq qoldirdi. Pardalarini tushirib qoʻydi.

Daho jiyanlari parda orasidan moʻralab-moʻralab turdi.

Onasi dasturxon yoydi.

Deraza ortidan bir soya lopillab oʻtdi.

Eshik pardasi koʻtarildi. Serjant Orziqulov yuzlandi.
— Assalomu alaykum! — dedi.

Daholar joyidan turdi. Serjant Orziqulov bilan koʻrishdi.

Serjant Orziqulov asfalnishin boʻldi. Koʻli koʻksida boʻldi.
— Qani, kelinglar, xush koʻrdik! — dedi.
— Shunday... bir aylanib keldik, — dedi Daho.
— Binoyi-da, xoʻp binoyi-da!

Daho boshi bilan mehmonlarni koʻrsatdi.
— Bu yigitlar mening doʻstlarim, — dedi. — Shoirlar!
— Binoyi, binoyi!

Daho shoirlarga otasini tanishtirdi.
— Bu kishi bizning paxan boʻladilar, — dedi. Serjant Orziqulov shoirlarga bosh qimirlatdi.

Keyin, dasturxonga qaradi.
— Enangga biron nima aytdingmi, ulim? — dedi.
— Bilmadim, qozon osildi shekilli.
— Unda, men qozondan xabar olayin, qani. Serjant Orziqulov tashqariladi. Xiyoldan keyin parda orasidan moʻraladi.
— Bemalol oʻtira beringlar, — dedi. — Qoʻling oʻrgilsin palov boʻlayapti! Shunday.

Daho ma’qul, deya bosh irgʻadi.

Serjant Orziqulov jelagini yechib keldi.
— Xush kelibsizlar, ullarim, xush kelibsizlar, — dedi.

Toʻrda oʻtirmish shoir:
— Qahramon, o, qahramon! — dedi.

Daho bosh koʻtardi. Otasi koʻksidagi orden-nishonlarga koʻzi tushdi. Qizarib-boʻzardi.

Serjant Orziqulov koʻksidagi orden-nishonlariga nazar soldi. Oʻzicha jilmaydi. Bosh irgʻab-bosh irgʻab asfalnishin boʻldi.

Bir shoir Dahodan oʻpkaladi:
— Pahlavon Daho, shunday qahramon otangiz bor ekan, shu vaqtgacha aytmaganingizni qarang-a! — dedi. — Qaerlarda boʻlgansiz, boboy?
— Siz soʻramang, men aytmayin, ulim...— dedi serjant Orziqulov.

Serjant Orziqulov aftodahol boʻlib qoldi. Dasturxon burchini buklab ermakladi. Shoir darrov gapni boshqa yoqka burdi.
— Bayramingiz muborak boʻlsin, boboy! - dedi.
— Qulluq, shunday qulluq!
— Mana, bugun 9 may bayrami. Ma’muriyat biror-bir tirikchilik qilib berdimi, boboy?
— Kim?
— Ma’muriyat! Kolxoz rahbarlari?
— Ha-a, kattalarmi? Ha, har yilgiday yigʻilish qildi. Soʻgʻin bayram bilan qutladi.
— Quruq yigʻilish qildimi?
— Quruq? Yoʻq, quruq emas. Oʻn soʻmdan pul berdi, ikki kilodan goʻsht berdi. Shunday!
— Shu bilan boʻldimi?
— Ha-da, bundan ziyod siylov boʻladimi?
— Shunday orden-nishon sohiblari-ya... Shunda, Daho gap qoʻshdi:
— Orden boʻlgan bilan, bittasiniyam tayini yoʻq! Mayda-chuyda medallar! — dedi.
— Baribir, Daho, baribir.
— Buncha, sharabaradan bitta Yulduz afzal! — dedi Daho. — Masalan, manavi chetdagisini olaylik. Gʻalaba medali! Buni urush tugaganda hammaga bergan!
— Unda, nimaga seniki yoʻq? — dedi serjant Orziqulov.
— Biz unda tugʻilmaganmiz, boʻlmasa, bizgayam berardi!
— Ha, bali, shu sharabaralar boʻlmasa sen tugʻilmasding, dunyoga kelmasding! Shunday!

Serjant Orziqulov shunday deya chiqib ketdi.

Daho otasi ketidan tashqariladi. Hovlida uyoq-buyoqqa yurdi.

Onasi Daho diqqinafas boʻlayotganini bildi. Hol soʻradi.
— Anavi cholni qarang, mamasha, — deya kuyundi Daho. — Bizning shoirlar oldiga almisoqdan qolgan bor temir-taqasini taqib chiqibdi! Koshki ular temir-taqa nimaligini tushunmasa! Ular Kafkani oʻqigan. Ular Joysni oʻqigan!..
— Har yili 9 mayda shunday qiladi. Qoʻy, koʻp diqqinafas boʻlma. Boshqa kun oʻlsayam taqmaydi. Xaltaga solib qoʻyadi.
— Odam degan qaerda quruqlik qilishni bilsa-da! Paxan kelganlarni kim deb oʻylayapti? Axir, ular Marselʼ Prustni oʻqigan! Garantiya beraman, bu qishloqda hech kim Prustni oʻqimagan!

Daho oshxona bilan uy orasida borib keldi.

45

Bu vaqt serjant Orziqulov ichkari uyda yonboshlab yotdi. Koʻzi ilinib-ilinib yotdi.

Yotib yotolmadi. Imillab qoʻzgʻoldi.

«Borayin, manzirat qilib, gurung berib turayin, — dedi. — Tagʻin, uy xoʻjasi kelganimizni yomon koʻrib, boshqa uyga kirib yotib oldi, demasin. Mehmon otangdan ulugʻ degan»;.

Serjant Orziqulov qaytib keldi. Asfalnishin boʻldi.
— Qanday, zerikmaygina oʻtiribsizlarmi, ullarim? — dedi. — Hay, barakalla!

Shoirlar yonboshlab yotdi. Ashula eshitib yotdi. Serjant Orziqulov gurung bergisi keldi.
— Biz ham baholi qudrat mol boqib yuribmiz, ullarim...

Serjant Orziqulov ogʻzidagi ogʻzida qoldi, boʻgʻzidagi boʻgʻzida qoldi.

Daho yer ostidan otasiga shunday oʻqraydi, shunday oʻqraydi!

Daho magnitofonga qarab gapni burdi.
— O, «Bitlz»;! — dedi. — Liverpullik buyuk toʻrtlik! Jon Lennon, Pol Makkartni, Jorj Xarrison, Ringo Star! Bechoralar tarqalib ketdi!
— Iya, hali «Bitlz»; yoʻqmi?
— Ancha boʻldi. Jon Lennon Amerikaga ketib qoldi. Boshqalari Londonda daydi boʻlib yuribdi. Yaqinda Xanter Devis «Bitlz»; haqida kitob yozdi-yu...

Serjant Orziqulov yomon vaziyatda qoldi.

Yuzlari lov-lov qizardi.

Bush piyolani oʻynab-oʻynab, oʻzini-oʻzi aybladi:

«Oʻzi, meniki noma’qul-da! Bular oʻqimishli odamlar boʻlsa. Mening podam bilan necha pullik ishi bor? Xay, kalla-e, kalla!»;

Serjant Orziqulov koʻz qiri bilan oʻgʻliga qarab-qarab oldi.

Qoʻllarini qovushtirdi. Shoirlar ogʻziga qarab oʻtirdi.

Kun qaytdi.

Serjant Orziqulov derazalarni ochdi. Pardalarni surdi.

Ichkariga koʻklam havosi ufurdi.

Qaerdandir chibin keldi. Gʻuj-gʻuj boʻldi. Dasturxon toʻla qand-qursga yopishdi.

Serjant Orziqulov hovlidan bir dasta yalpiz terib keldi. Dasturxon uzra sochib tashladi.

Uyni yalpiz isi oldi.

Chibinlar yalpiz isidan gʻoyib boʻldi.

Daho hayron boʻldi.

Serjant Orziqulov piyolaga uzaldi.

Shunda, dasturxon uzra tagʻin chibin parvozladi.

Daho bu gal chibinlar parvozini e’tibor bilan qaradi.

Chibinlar pastladi-pastladi, serjant Orziqulov chap oyogʻi oldida koʻzdan yoʻqoldi.

Daho yonboshlamish koʻyi otasi chap oyogʻi panjalariga qaradi, bebilchagiga qaradi, tovoniga qaradi...

46

Qosh qoraydi.

Serjant Orziqulov bolishdan koʻkrak oldi. Inqillab qoʻzgʻoldi. Kalishini yoʻl-yoʻlakay kiyib tashqariladi.

Olapar itini boʻshatdi.

Olapar dumini likillatdi. Serjant Orziqulov qoʻlini iskadi.

Serjant Orziqulov mehmonxona derazasidan moʻraladi.

Mehmonxonada shishalar yumalab yotdi.

Oʻgʻli oyoq-qoʻlini yoyib yuztuban yotdi.

Shoirlar sandiqqa suyanib-suyanib yotdi.

Mehmonxona jimjit boʻldi.

Serjant Orziqulov qarab turdi-turdi...

«Tor-mor boʻlgan lashkarga oʻxshaydi»;, dedi.

Serjant Orziqulov qoʻl siltab ketdi.

Ichkaridan ov miltigʻini olib keldi. Koʻchaga qarab yurdi.

Izidan Olapar ergashdi.

Koʻchada Ochil jiyan duch keldi.
— Togʻang keldi, — dedi serjant Orziqulov. — Choy-poyiga qarash...

47

Serjant Orziqulov toshloq oralab yurdi.

Oʻng oyoq boshmaldogʻi zirq etdi.

Bir toshga oʻtirdi. Zirqillamish boshmaldogʻini changalladi. Kaftlari hoʻl boʻldi. Kaftini koʻzlari oldiga olib keldi. Dimogʻi qon hidini tuydi.

Qon boshmaldogʻiga qum sepdi, oqsoqlanib-oqsoqlanib yoʻlga tushdi.

Olapar qon tommish qumni iskab qoldi. Tagʻin egasiga yetib oldi.

Serjant Orziqulov mozor oldidan oʻtdi.

Mozor tarafdan boyoʻgʻli sayradi.

Serjant Orziqulov yoqalariga tufladi.

Bogʻlar oralab yurdi. Oʻrkach-oʻrkach adirlar boʻylab yurdi.

Izmolisoyga keldi.

Buloq boʻyida oyoq ildi.

Hovuchlab-hovuchlab suv ichdi. Yuz chaydi.

Tagʻin adirladi.

Bir tulki tosh shildiratib chopdi.

Serjant Orziqulov yelkasidan miltigʻini oldi. Toshga suyab qoʻydi. Oʻzida shu toshga suyanib oʻtirdi.

Olapar egasi poyida yotdi.

Serjant Orziqulov olis-olislarga qaradi.

Olislar zim-ziyo boʻldi. Olislarda chiroqlar milt-milt etdi. Chiroqlar Denov, Termiz... boʻldi.

Esida, serjant Orziqulov urushdan ana shu shaharlardan oʻtib keldi.

Poezd Termizga kechasi yetib keldi.

Shunda, bir odam vagonga otilib kirdi.

«Xolliev Alini koʻrgan bormi?»; — dedi.

«Bor! — ovoz berdi serjant Orziqulov. — U xiyol hayallab keladigan boʻldi!»;

Aslida... termizlik Xollievni oʻz qoʻli bilan yerga berib keldi. Saken qozoq tuproq tashlab turdi...
— Ay, Saken ogʻa, omonmisan?..

Serjant Orziqulov beixtiyor shunday dedi. Poyida yotmish Olapar egasi gapidan sapchib oyoqladi. Dumini likillatib-likillatib turdi.
— Mendan soʻrasang, Saken ogʻa, baholi qudrat elning xizmatini kilib yuribman. Podaniyam oʻziga yarasha tashvishlari koʻp, shunday. Ayniqsa koʻklam vaqti odamning yegani oʻziga tatimaydi. Shu erta koʻklamda de, bir yonimda zarang tayogʻim, bir yonimda Olapar itim, qirda yonboshlab yotib, koʻzim ketibdi. Uyqumda de, bir koʻk mol bolalayotgan emish. Mol zorlanib, meni soʻrar emish. Men bormas emishman. Nimaga bormas emishman, oʻzim ham bilmas emishman. Birdan koʻzim yalt etib ochilib ketibdi. Qarasam, Hamidning targʻili yuribdi, Berdievning sariq qashqasi yuribdi. Iqbol momoning oq moliyam bor, Said merganning olaoyogʻi ham oʻtlayapti. E’tibor bersam, Ortiqboyning qora qashqasi yoʻq. Katta toshga chiqib, kaftimni qoshim uzra soyabon qilib qaradim. Shunda, qir kungay betidan muttasil moʻngragan ovoz eshitdim. Chopqillab borsam, qashqa oldida jajjigina bir buzoq yotibdi. Xuddi onasiday uniyam manglayida qashqasi bor. Qashqa goʻdagini tinmay yalab-yulqadi, yuvib-taradi. Koʻnglim yorishib, farzand koʻribsan-da, qulluq boʻlsin, dedim. Choʻkkalab, buzoqni bagʻrimga bosdim, qashqasini silab-siypaladim. Soʻgʻin, oqshom vaqti buzoqni bagʻrimga bosib, Ortiqboynikiga bordim. Suyunchiga bir choponlik boʻldim, shunday...

Serjant Orziqulov jim boʻlib qoldi. Quroldoshlari koʻz oʻngidan bir-bir oʻtdi.
— Tengiz ogʻa, qanday, eson-omonmisan? Haliyam oyoqsiz yuribsanmi? Yo, yogʻoch oyoq qoʻydirdingmi? Yogʻoch — oyoq emas-da, Tengiz ogʻa. Esingdami, bir yertoʻlada ikki kunlab och-nahor yotganimiz? Tuz totmabmiz! Tuzning oʻzi boʻlmasa nimaniyam totardik. Ulimni boʻynimizga oldik, lekin yertoʻladan qoʻl koʻtarib, omon-omon, deb chiqmadik. Qirgʻinbarot kunlarning yuzi qursin, Tengiz ogʻa. Oynai jahonni koʻrgan boʻlsang, bizning hukumat shart qoʻydi. Ay, Bush, shu kundan e’tiboran atom bombasi portlatgan nomard, qani, qoʻlni ber, dedi. Bush soʻz berdi, qoʻl berdi, lekin yana atom portlatdi. Ukkagʻarning kattasi nomard ekan, gapida turmadi, shunday. Ishqilib, endi qirgʻinbarot kunlar boʻlmasin. Urushni oxirgi koʻrgan biz boʻlib qolaylik, Tengiz ogʻa...

Serjant Orziqulov oʻylab qoldi: u yolgʻiz boʻlmadi. Hali quroldoshlari koʻp boʻldi.

Shunda, serjant Orziqulov kuchiga kuch qoʻshildi. Joyidan dadil turdi. Kiyimlarini tuzatdi.

Qoʻynidan oʻq oldi. Miltigʻini oʻqladi.
— Lashkar, saflan! — deya buyruq berdi. Serjant Orziqulov xayol qildi... Quroldoshlar boʻysira boʻldi. Qurol-yaroqlar jangir-jungur boʻldi. Serjant Orziqulov miltiq oʻqtalib olgʻa bosdi.
— Olgʻa, lashkar, olgʻa!

Serjant Orziqulov olis-olis chnroqlar sari mardona-mardona odimlar otdi. Ketidan Olapar ergashdi.
— Vperyod, diviziya!

Moya diviziya!

Tvoe orujie ottocheno v boyu,

Vperyod, lyubimaya! Neustrashimaya!

Vperyod! Za rodinu svoyu!

(Olgʻa, lashkar!

Lashkarim mening!

Qirgʻinda qayraldi yarogʻing sening!

Olgʻa bos, ona yurt, tuprogʻing uchun!

Olgʻa bos, botirim, qarogʻim mening!)

Serjant Orziqulov olislarda miltiramish chiroqlarni moʻljalga oldi. Nafas yutib tepki bosdi.

Adirlar larzaga keldi.

Serjant Orziqulov koʻrdi: moʻljalga olmish chiroq lip etib oʻchdi.

Serjant Orziqulov koʻrdi: oʻgʻli oyoq-qoʻli yoyilib yuz-tuban yiqildi...

48

Daho bir kelishida tuman roʻznomasida boʻldi. Ikkita qalamkash yoronini ergashtirib keldi. Oʻtirar-oʻtirmas, qishloq yoʻlidan yorildi.
— Shu, yoʻl yomon-da, paxan, — dedi.
— Shunday, qishloq boʻladi-yu, goʻr boʻladimi, shunday! — dedi serjant Orziqulov.
— Denovdan qishloqqacha mashina bir martayam loʻqimaydi. Katta yoʻldan uyimizga qarab burildi degandan mashina olib uradi.

Yoronlar biri qoʻyib biri gapirdi:
— Men ikki marta boshimni mashina qirrasiga urib oldim. Xiyol boʻlmasa kallam yorilayin dedi.
— Kallayam gapmi, men mashina loʻqiganda mashinadan otilib ketayin dedim.
— Ayniqsa burilishdagi ariq yomon ekan. Mashina oʻxshatib bir koʻtarib urdi.
— Yegan-ichganim ichimdan tushib ketdi.
— Tishimni tishimga qoʻyaman deb, tilimni tishlab oldim.
— Endi, ullarim, qishloq oʻz oti oʻzi bilan qishloq-da, — dedi serjant Orziqulov.
— Bilamiz, bova, bilamiz. Qishloqlarda koʻp boʻlamiz. Yaqindayam gazeta topshirigʻi bilan kelib-ketib edik. Qaerga borib edik, oʻrtoq Hafizov?
— U borgan joyimiz yuqoriroqda edi. Katta tut oldidan chapga burilib edik. Oʻziyam, uyi ostonasigacha tosh toʻshalgan edi-da.
— Familiyasi Xoliqovmidi? Ha, endi, u Xoliqov-da! Urush qatnashchisi! Qoʻsha-qoʻsha orden-nishonlari bor!

Ana shunda serjant Orziqulov qulogʻi ding boʻldi.
— Nima boʻpti? — dedi. — Biz ham urush qatnashchisi!
— Iya, shundaymi?
— Shunday! Bizdada bor, orden-nishon!

Daho sergak tortdi. Bir otasiga qaradi, bir yoronlariga qaradi. Keyin, yer singaladi. Xiyol qizardi.
— Qani, olib keling, qani? — dedi yoronlar.
— Qoʻyinglar-e, ullarim-e...
— Qoʻyinglari boʻptimi? Olib keling, boʻling! Serjant Orziqulov choynak qopqogʻini shiqirlatib oʻynadi. Bir oʻgʻliga qaradi, bir yoronlarga qaradi. Gap jiddiyligini bildi. Tizzasiga tayanib qoʻzgʻoldi.
— Yo, pirim! Olib kelsam, olib kelayin, koʻp qoʻymadilaring.

Serjant Orziqulov shunday deya ichkariladi.

49

Serjant Orziqulov orden-nishonlarini eski doʻipisida saqlab yurdi. Orden-nishonlar doʻppidan toʻkilib keta berdi, sochilib keta berdi.

Orden-nishonlarini endi belbogʻida oʻrab yurdi. Endi, orden-nishonlik tugunni topish qiyin boʻldn. Orden-nishonni topish uchun sandiq toʻla tugunlarni bittalab ushlab-ushlab koʻrar boʻldi. Bittalab koʻtarib-koʻtarib koʻrar boʻldi. Shunday qilmasa, qaysinisida orden-nishon borligini bilib boʻlmadi.

Tugunda boʻlmadi.

Orden-nishon saqlayajak boshqa bir nima izladi. Izladi-izladi, oshxonaga kirdi. Qoziqda osigʻlik tuzxaltaga koʻzi tushdi.

Shu tuzxalta orden-nishonbop idish koʻrindi!

Qoziqdan tuzxaltani oldi. Tuzini chinni kosaga toʻkdi. Toʻntarib-toʻntarib qoqdi.

Orden-nishonlarini ana shu tuzxaltaga agʻdardi. Ogʻzini oʻrab-oʻrab bogʻladi. Sandiqqa solib qoʻydi.

50

Serjant Orziqulov ana bu orden xaltani koʻtarib keldi!
— Ana! — dedi.

Yoronlar orden xaltani aylantirib-aylantirib koʻrdi.

Orden xalta ogʻzini ochdi. Koʻzi oldiga olib keldi. Orden xalta ichiga bir koʻzlab qaradi. Miyigʻida kuldi.
— Dasturxonga toʻking, ulim, dasturxonga! — dedi serjant Orziqulov. — Manavi qand-qursdayin toʻkib tashlang, soʻgʻin, bari koʻrinadi!

Yoronlar orden xaltani dasturxonga toʻntardi. Xaltadan jaraq-juruq orden-nishon toʻkildi.
— O-o-o! Eh-e-e! — dedi yoronlar.

Serjant Orziqulov qand-qurslarni dasturxon chetiga surdi. Xuddi qand-qurs yoymishday, kafti bilan orden-nishon yoydi.
— Ana, ana! — dedi.
— Shuncha orden-medalingiz boʻlaturib, nima qilib oʻtiribsiz, bova?
— Nima qilayin? — dedi serjant Orziqulov. — Orden-nishon ot boʻlsa ekan, minib koʻpkari chopsam!
— Kattalarga boring, yoʻlga tosh toʻshab ber, deng.
— Qaysi bir 9 mayda rais qanday xizmat bor, deb soʻrab edi. Shunda aytganday boʻlib edim.
— Nima deb edingiz?
— Koʻchamizga tosh toʻshab bering, deganday boʻlib edim.
— Nima deb edi?
— Boʻladi-boʻladi, deb edi. Shu-shu, haliyam boʻladi-da. Shunday!
— Kolxoz kattalarini qoʻying, tumanga boring, tumanga!
— Bari katta bir goʻr, ullarim. Katta zoti borki, bizga qanday xizmat bor, deb soʻraydi. Siz dardingizni ayta-ayta qolasiz, katta zoti xoʻp-xoʻp, deya, bosh irgʻab keta beradi.

Daho tizzasiga shapillatib urdi.
— Ay! — dedi. — Oʻzim urushda boʻlmadim-da, oʻzginam urushda boʻlmadim-da!
— Nima qilarding? — pisandali dedi serjant Orziqulov.
— Talab qilardim! Koʻchaga toshyoʻl olib kelardim, temir naycha bilan joʻmrak olib kelardim! Ana, Xoliqov! Urush qatnashchisi deb uni aytadi!
— Ha, endi, Xoliqov yozuvchi-da, ulim, yozuvchi! Yoronlar birdan sergak boʻldi...
— Kim-kim? — dedi.
— Yozuvchi! Shunday!
— Yozuvchi? Bu qishloqda Pahlavon Dahodan boshqayam yozuvchi bormi?
— E-e, qanaqa yozuvchi! — deya qoʻl siltadi Daho. — Beshinchi sinf ma’lumoti bor! Oʻgʻliga shikoyat yozdirib yozuvchilik qiladi!

Yoronlar qah-qah urib kuldi.
— Oʻgʻliga yozdiradimi, nevarasiga yozdiradimi, ishqilib, yozuvchi degan nomi bor-da! — dedi serjant Orziqulov.
— Yozuvchi boʻlsa nima? — dedi Daho.
— Yozuvchidan el qoʻrqadi, yozuvchidan katta qoʻrqadi. Sen bilan bizdan kim qoʻrqadi?
— Qoʻrqmaydimi, qoʻrqmaydimi?

Daho shunday deya, juzdonini ochdi. Ichidan qogʻoz-qalam oldi.
— E, qoʻy-e, ulim-e! — dedi serjant Orziqulov.
— Nima qoʻy-e, nima qoʻy-e? — dedi Daho. — Siz kimdan kam? Urushda qon toʻkib keldingiz!

Serjant Orziqulov qaradi-qaradi, oʻgʻli qarori qat'iyligini bildi. Uzalib, oʻgʻlining qalamli qoʻlini ushladi.
— Shoshma! — dedi. — Ahding behazil boʻlsa, mayli, yoz. Lekin boshqa masalada yoz.
— Masalan?
— Masalan, molning yemishi yoʻq. Har yili uch-toʻrt barobar ziyod narxda yemish sotib olaman. Zoʻr boʻlsang, molga yemish ber, deb yoz!
— Boʻldi, yemish boʻlsa, yemish-da!
— Barakalla. Avval iqtisod, keyin siyosat degan Lenin bova. Toshyoʻldan yurmay, chang yoʻldan yursak, oyogʻimiz ochdan oʻlmaydi. Lekin mol yemishsiz qolsa boʻlmaydi, shunday!
— Boʻpti, paxan, unda, uchta-toʻrtta ariza yozaman. Bitta-bittadan olib borasiz.
— Qayoqqa olib boraman? — ajablanib soʻradi serjant Orziqulov.
— Tumanga olib borasiz, qayoqqa olib borardingiz? Tumanda bitmasa, undan ham yuqoriga olib borasiz.
— Yoʻq-yoʻq! — deya qoʻl siltadi serjant Orziqulov. — Molim ochdan oʻlsayam bormayman! Shunday!
— Iya, unda kim boradi? Men boraymi?
— Borma, kim senga borsin deyapti? Borma-da, xat-jildga solib, xabarqutiga shunday tashlab yubor, oʻzi boradi. Faqat, xatjild betiga shunday-shunday manzilga yetib borsin, deb bitasan, boʻldi.

Yoronlar tagʻin qah-qah urib kuldi.
— E, bova, e, bova-e! — dedi.

Daho qizardi. Qalam uchi bilan chakkasini qashidi. Ovozini bir parda koʻtarib aytdi:
— Paxan! Oʻrtoqlar oldida odamni uyaltirmang!
— Idora degani qaerda boʻladi, bilmasam, — dedi serjant Orziqulov. — Idoralarda katta-katta odamlar oʻtiradi. Borib nima deyman, bilmasam...
— Oʻzim oʻrgataman, siz xoʻp deng!

Serjant Orziqulov oʻgʻliga tikildi. Oʻgʻli avzoyi yomon boʻldi.
— Borishga bir amallab topib boraman, — dedi serjant Orziqulov. — Lekin dovdirab qolaman-da, gapimni yoʻqotib qoʻyaman-da.
— Gapingizni yoʻqotmaysiz! Shoirning paxaniday boʻlib gaplashasiz! Oʻzim oʻrgataman!
— Xoʻp, mayling.
— Endi borib, velʼvet kostyumingizni olib keling!

51

Chiyduxoba kamzul bir vaqtlar Dahoniki edi. Daho kamzulni kiydi-kiydi, ohorini toʻkdi. Kiydi-kiydi, otasiga berdi.

Serjant Orziqulov chiyduxoba kamzulni yuzlik kiyim qilib oldi.

Toʻy-ma’rakalarda kiydi. E’tiborli-e’tiborli joylarda kiydi. Hayitlarda kiydi. Begim kunlar boʻxchaga taxlab qoʻydi.

52

Serjant Orziqulov ichkaridan ana shu chiyduxoba kamzulini olib keldi.

Daho kamzul uyoq-buyogʻini qaradi.
— O-o-o, velʼvet! — dedi. — Velʼvet janobi oliylari!

Daho kamzulni bolishga yoydi. Orden-nishonlarni bir boshidan kamzul koʻkragiga takdi.

Kamzul koʻkragi orden-nishonga toʻldi.

Daho kamzul yoqasidan koʻtarib qaradi, silkib-silkib qaradi. Orden-nishonlarni jaraq-juruqlatib qaradi.

Kamzulni kiyib oʻtirdi. Koʻksidagi orden-nishonlarni tomosha qilib oʻtirdi.
— Qalay, yarashdimi? — dedi yoronlariga, — oʻzim urushda boʻlmadim-da!..

Daho otasiga qaerga borish, nima qilish, nima deyishlikni oʻrgatdi.

Bot-bot oʻrgatdi.

53

Serjant Orziqulov bomdod namozini naridan-beri oʻqidi.

Orden-nishonlik kamzulini kiydi. Ustidan beqasam choponini ildi. Belbogʻini bogʻladi.

Zarang tayogʻini sudrab, bekatga bordi. Avtobus yoʻlini qaradi.

Bobotogʻ uzra kun sariq berdi.

Shunda, koʻz oldida bir nima yilt etdi.

Serjant Orziqulov seskanib tushdi.

E’tibor bilan qaradi: choponi yoqasidan bir nishon chiqib turdi. Ana shu nishon kun sarigʻida yilt-yilt etdi.

Serjant Orziqulov tuf-tuf, deya, ichiga tufladi. Tevarak-boshga qaradi.

Tevarakda odam zoti yoʻq boʻldi.

Shunda, choponi yoqalarini ohista yonlariga surdi. Koʻksi toʻla orden-nishonlarni oftobga tutdi.

Ohista-ohista oʻng tarafiga tebrandi.

Orden-nishonlar oftobda jaraq-jaraq etdi!

Ohista-ohista chap tarafiga tebrandi.

Orden-nishonlar oftobda yaraq-yaraq etdi!

Serjant Orziqulov orden-nishonlarini tomosha qildi. Bosh irgʻab-bosh irgʻab tomosha qildi. Kulimsib-kulimsib tomosha qildi!

Shu vaqt, olisdan avtobus ovoz berdi.

Serjant Orziqulov choponi yoqalarini apil-tapil yopdi. Orden-nishonlarini yashirdi.

Avtobus zinapoyasidan enkaya-enkaya chiqdi. Enkayishida choponi yoqalari xalta boʻlib osildi.

Ana shunda tagʻin orden-nishonlari koʻrinish berdi.

Orden-nishonlari shalvir-shalvir etdi. Orden-nishonlari jangir-jungur etdi.

Avtobusda bolalikdan billa oʻsmish Sadir boʻyinsasi boʻldi. Ana shu boʻyinsasi joyidan lik etib turdi. Serjant Orziqulov askarlikdan qaytmish kunlardan olib hazillashdi. Serjant Orziqulov askarlikdan qaytmish kunlardan olib, barmoqlarini chakkasiga qoʻyib harbiycha salom berdi.
— Zdravstvuy, serjant Orziqulov! — dedi. — Skolʼko zima, skolʼko vesna!

Avtobusda oʻtirmishlar piq-piq kuldi. Boʻyinsasi yoshlarga qaradi.
— Qani, serjant Orziqulovga joy berganskiy! — dedi. — Serjant Orziqulov oʻtirganskiy! Boisi, serjant Orziqulov qariganskiy!
— Yetmishdan oshib ham aqling kirmadi-kirmadi-da! — dedi serjant Orziqulov.

Serjant Orziqulov Sadir boʻyinsasi bilan yelkama-elka oʻtirdi.
— Qani, serjant oshna, shaharlabsan-da? — dedi — boʻyinsasi.
— Shunday, shunday!
— Menga aql kirmadi deysan, senga qachon aql kiradi, serjant oshna?
— Eb-ey, nima, aqlimiz yoʻqmi?
— Aqling boʻlsa, ertamatandan orden-nishon taqasanmi? Nima, bir senda bormi, orden-medal?
— Taqsam, oʻzimniki!
— Bovujud, urushga boribsan ekan-da! Yoril-e, bachchagʻar, yoril-e! Bozor-oʻchargayam orden-medal taqib bor-e!
— Komissar chaqiribdi, oshna, komissar!
— Ha-a, shunday de! Shoʻxlashamanda-e, serjant oshna! Begim kunlar taqib yurmasding, shunga aytaman-da!

54

Serjant Orziqulov soʻradi-soʻradi, tuman ijroqoʻmi binosini topib bordi.

Zinapoya ushlagichidan ushlab-ushlab, ikkinchi qavatga koʻtarildi.

Qavat nimqorongʻiligidan koʻzi yaxshi oʻtmadi. Shu bois, eshiklarga tikilib borib qaradi. Eshiklarni ushlab-ushlab koʻrib qaradi. Eshiklarga peshonasi tegayin-tegayin deb qaradi.

Qaradi-qaradi, oʻgʻli aytmish oʻn oltinchi eshikni topdi. Adashmayapmanmi, qosh-kipriklari eshikka tegayin-tegayin deb qaradi.

Shu vaqt, eshik favqulodda ochildi. Serjant Orziqulov peshonasiga kelib tegdi.

Serjant Orziqulov peshonasini ushlay-ushlay ketiga tis boʻldi.

Ichkaridan chiqmish ayol kechirim soʻray-soʻray ketdi.

Serjant Orziqulov ochiq qolmish eshikdan ichkariladi.

Zarang tayogʻini burchakka suyab qoʻydi.

Katta bilan koʻrishib-soʻrashdi.

Katta serjant Orziqulovga deraza tarafdan joy koʻrsatdi.

Serjant Orziqulov katta aytmish joyga oʻtirdi.
— Omin! — deya fotiha oʻqidi.

Katta yuziga fotiha tortmadi. Bosh irgʻab qoʻya qoldi. Qalam uchi bilan stol chertdi.
— Keling, bova? — dedi.
— Shukur, xudoga shukur! — deya bosh irgʻadi serjant Orziqulov.
— Nima gap?
— Tirikchilik, katta, tirikchilik.
— Tirikchilik ham har xil-da.
— Shu...

Serjant Orziqulov goʻyo palov yeyayotganday, kaftini ogʻziga yugurtirib-yugurtirib oldi.
— Nima, palovmi? — dedi katta.
— Yoʻgʻ-e, katta, mol odammidiki, palov yeydi... Serjant Orziqulov tagʻin kaftini ogʻziga yugurtirib-yugurtirib oldi.
— Haligi, mol, yeydi-ku, oti nima edi...
— Kombikorma.
— Yoʻq, unday emas, yoʻq...
— Sheluxa.
— Ha-ha, shulxa! Shunday, shulxa! Katta qogʻoz titkiladi.
— Endi, yemish masalasi chatoq, bova, juda chatoq, — dedi. — Mana, bozor yoʻliga oʻtayapmiz.
— Katta...

Serjant Orziqulov gʻoʻldiradi.

«Katta, meni urushda boʻlib edim. Mana, orden-nishonlarim ham bor»;, demoqchi boʻldi.

Ammo tili bormadi. Bir kattaga, bir koʻkragiga qaradi.

«Katta, koʻkragimga qarang, koʻkragimga»;, demoqchi boʻldi.

Kattaning koʻzi koʻkragimga tushsa, oʻzi tushunib oladi, deya oʻyladi.

Katta qogʻoz titkilash bilan mashgʻul boʻldi.

Serjant Orziqulov ana shunda oʻgʻli dasturiga binoan emas, tamomila teskari tarafga oʻtirib qolganini angladi.

«Miyam qursin, — deya afsuslandi. — Oʻgʻlim bunday demab edi-ku»;.

Keyin, oʻzini-oʻzi oqladi:

«Kattaning oʻzi joy koʻrsatdi-da, menda nima ayb»;.

Ohista joyidan qoʻzgʻoldi.
— Ha, bova? — dedi katta.
— Manavi deraza shamoli koʻp yomon ekan.
— Ha-a.

Serjant Orziqulov derazaga muqobil tarafga oʻtdi. Derazaga roʻparoʻ boʻlib oʻtirdi.

Choponi yoqalarini yonlariga surdi. Orden-nishonlarini derazadan tushmish yoruqqa soldi.

Orden-nishonlari yorugʻda yaltiradi!

Katta ana shunda orden-nishonlarni koʻrib qoldi!
— Uh-u-u! — dedi. — Zoʻrsiz-ku, bova?

Serjant Orziqulov jilmaydi. Bir koʻkragiga qaradi, bir kattaga qaradi.
— Shunday, shunday! — deya bosh irgʻadi. Serjant Orziqulov ana shunda oʻgʻli kallasiga qoyil boʻldi!

«Ming qilsayam, shoir kalla-da, shoir kalla. Ha, kallangdan, oʻgʻlim»;.
— Boʻpti, bova, — dedi katta. — Boʻpti, bir kelib qolibsiz, sadqai suxaningiz. Biz Ulugʻ Vatan urushi qatnashchilarini e’zozlaymiz. Arizangiz bormi, yo, oʻzim yozib berayinmi?
— E, ha, aytganday!

Serjant Orziqulov qoʻyinlarini paypasladi-paypasladi, toʻrt buklogʻlik qogʻoz oldi.

Katta qogʻozni stolga yoydi. Kaftlari bilan tekisladi.
— Xatingiz xushroʻy ekan, bova, — dedi.
— Shunday, shunday!
— Bu, oʻgʻlingiz ham yordam berib turadimi, bova?
— Yoʻq, katta, ulimiz shahardan beri kelmaydi. Oʻzi bilan oʻzi boʻp ketdi.
— Ha-a, ishqilib, xushroʻy yozar ekansiz. Biratoʻla kunjarayam qoʻshib bera qolay, bova?

Serjant Orziqulov koʻzlarini pirpiratib oʻyladi. Oʻgʻli kunjara deb edimi, yoʻqmi, ana shuni oʻyladi. Oʻyladi-oʻyladi, oʻgʻli kunjara demaganini esladi.
— Yoʻq, katta, yoʻq, — deya bosh chayqadi. — Bizga shu, haligi aytganingizdan boʻlsa boʻladi. Boisi, uyda olam-jahon xashak bor. Adirdan gardi-gurd, bir tutam-ikki tutamdan tashib kelib, uyub tashlab edim. Bir qishni bemalol oʻtkazadi. Bizga shu...
— Sheluxa!
— Shunday, shunday! Shulxa boʻlsa boʻladi!
— Yashang, bova, ba’zi birovlar besh qoʻliniyam ogʻziga tiqib keladi. Birdaniga besh-olti narsa soʻraydi.
— Yoʻq-yoʻq...

«Oʻgʻlimiz faqat shulxa deb edi»;, deb yuborayin, dedi.

55

Shoirlar togʻladi.

Buloq boshini mavrid etdi.

Daho tollar ostidan qaynab chiqmish buloqqa qoʻllarini uzatib lablariga bosdi.

Oʻzicha, buloqni choʻlp-choʻlp oʻpdi. Kaftlarini togʻ choʻqqilariga uzatib lablariga bosdi.

Oʻzicha, olachalpak togʻlar betidan oʻpdi.

Shoirlar davra oldi.

Daho suvga boʻsh shisha otdi.

Shisha koʻrinib-koʻrinmay oqdi.

Bir kuchuk suv yoqalab chopdi. Shishani yetib oldi. Iskadi-iskadi, yuz oʻgirdi-ketdi.

Shisha oqib ketmish tarafdan bir odam buloq yoqalab keldi.

Shoirlar bilan qoʻshqoʻllab koʻrishdi.

Daho odamni davraga marhamat etdi.

Odam uzun-kalta shishalarga qaradi. Shishalardan buloqqa yuz burdi.
— Qulluq, osh boʻlsin! — dedi. — Xush-xushvaqt ketsalaringiz, biz oʻtirganday gap. Bilsalaringiz, buloq tabiat karomati...
— Bilamiz, brat, bilamiz!
— Bilsangiz, yaxshi. Anavi kuni besh-oltitasi shahardan kelib... oʻtirib ketdi! Keyin bilsam, artistlar ekan. Artist boʻlmay, qora yer boʻlgurlar, buloqqa choʻmilgani kamday, kir paypoqlarini suvga otib ketibdi. Ayollar suvga kelsa, satillariga paypoq ilashibdi. Tayoqni olib chopib keldim. Juvonmarg oʻlgurlar ketib qolibdi...

Daho odam tirsagidan ushladi.
— Artist oʻz nomi oʻzi bilan artist, ha, artist! — deya gʻiljaydi. — Men shoir! Eshityapsizmi, shoir! Men — fazoga intilgan inson! Men — ona-tabiatni koʻz qorachigʻiday asrab-avaylaguvchi posbon!

Odam anoyi boʻldi, gapida anoyi boʻldi:
— Oʻzlaringiz shaharda yashab, tabiatni qanday qilib qoʻriqlaysizlar? — dedi.
— Qoʻriqlaymiz, ha, qoʻriqlaymiz! She’rlar yozamiz, xalqni tabiatni asrashga chorlaymiz!

Odam buloq yoqalab ketdi.

Xiyoldan keyin soy oʻng betida ikkita bola qora berdi. Bolalar magnitofon qoʻyib keldi.

Shoirlar bildi, odam oʻgʻillarini koʻz-quloq boʻlib turish uchun yubordi.

Davra qizidi.

Bir shoir Dahoning yelkalarini yopib turmish sochlarini silab xirgoyi qildi:
— Soch emas bu, sharshara-e, sharshara!..

Shoirlar biri qoʻyib biri Dahoni ulugʻladi:
— She’rlaringiz klassika!
— Potok soznaniya!
— Modernizm!

Shoirlar shu bahona oʻzlarini koʻz-koʻz qilgisi keddi. Kimlarni oʻqishlarini bildirgisi keldi.
— Kafka!
— Kamyu!
— Prust!

Shoirlar bir-birlari sogʻligi uchun qadah koʻtardi.
— Joze Mariya!
— Keyrosh!
— Iya, salomat boʻlsinlar, ikkovi bitta odam-ku!
— Yoʻgʻ-e!
— Ha, Saltikov-Shchedrin deganday gap-da!
— Shundaymi? Uf-f, kayfim oshdi...

Daho oʻzini mastlikka olib yonboshladi. Uyatdan koʻzlarini yumib mudradi.

Bir shoir nashriyotdan kuyib gapirdi:
— Muharrir...oti nima edi?.. Oʻsha gʻirt toʻnka ekan! Kitobimni oʻqib boʻlib, bu tarjimami, deydi.
— Qaysi, haligimi, u gʻirt savodsiz!
— Anavimi, u yoʻq odam!
— Birinchi jumladan boshlab yopishsa boʻladimi! «Sherobod adirlari Grenlandiya aysberglari kabi oppoq yastanib yotar edi»;, deb oʻqib, oʻxshatish bunday boʻlmaydi, deydi. Oʻrtoq, savod degan narsa bormi oʻzi, Steynbeklar koʻp narsalarni Grenlandiya aysberglariga taqqoslab tasvirlagan, dedim. Eshakning qulogʻiga tanbur chertding nima, unga gapirding nima, vo-vo!

Shoir shahodat barmogʻi bilan kesakni urib koʻrsatdi.

Daho yozilib kelish uchun ketdi.

Chaylada yonboshlab yotmish bolalar magnitofonni koʻtaribroq qoʻydi.

Buloq boʻylarini ashula oldi:

Kishi holimni bilmas, mehribonidin adashgonman,

Vatan ovoradurmen, doʻstonidan adashgonman...

Daho kela bermadi.

Shoirlar alagʻda boʻldi. Haydovchini yoʻlladi.
— Shoir akangizdan bir xabar oling, uka, — dedi. — Aytib boʻladimi, begona joy...

Haydovchi xoʻp, deya qoʻzgʻoldi. Suv yoqalab yurdi.

Suv burilib oqar yerda oyoq ildi. Ajab sinoat koʻrdi:

Kun qirlar ortida botay-botay dedi.

Buloq suvlari oftob nurida yilt-yilt etdi.

Daho quyoshga tabassum bilan boqib xayol surdi.

Bir nima suvga yilt-yilt etib tushdi, shitir-shitir etib tushdi.

Daho quyoshga shoirona-shoirona boqib... suvga choptirdi!

Haydovchi chappa burilib chopdi.

56

Daho buloq yoqalab keldi. Qoʻllarini chaydi. Silkib-silkib quritdi. Ashula kelmish tarafga oʻng qoʻlini shop qilib baqirdi:
— Anavini hangratmasalaring-chi!

Bolalar yo, Daho gapini eshitmadi, yo, eshitib eshitmaslikka oldi.

Buloq boʻylari ashula ogʻushida qoldi:

Vatansiz benavodurmen, makonidin adashgonman,

Gʻaribi koʻyi gʻurbat, xonumonidin adashgonman,

Va yo bir murgʻi vahshiy oshyonidin adashgonman.

Daho ashulaga qoʻl siltab oʻtirdi.
— Odam emas bular! — dedi. — Eshitsayam eshitmaslikka olib, molga oʻxshab oʻtira beradi!

Haydovchi yer boqib oʻtirdi. Kalla qashidi. Tolchoʻp bilan yer chizdi.

Koʻngilxushlik davom etdi.
— Oʻzi, bu ashula kimniki? — dedi Daho.
— Kim biladi! Menimcha, matbuot shanba sonlari uchun gʻazal yozib turadigan Kamtariy, Dehqoniy degan shoirlarniki boʻlsa kerak!
— Ha-a, aytdim-a, primitiv dialektikada yozilgan deb!

Ulugʻ Furqatning ulugʻ gʻazali buloq boʻylari uzra uchdi, yongʻoq yaproqlari uzra uchdi.

Tirikman zohirida, xalq bir odam gumon aylar,

Va lekin holi surat, tanda jonidin adashgonman.

Daho bir olmani artdi-artdi, yegisi kelmadi. Haydovchiga uzatdi.
— Lutfan taqdim etaman! — dedi.

Haydovchi bir olmaga qaradi, bir Daho qoʻliga qaradi. Olmadi!

Ashula poyonladi.
— Xayriyat-e, ovozi oʻchdi! — dedi Daho. — Endi, buyam san'atda-a? Nima deb boʻkirdi? Bunday ashulani biz ham ayta olamiz!

Daho quloch ochdi, dutor chalajak sozchi qiyofasini oldi. Ovozini yoʻgʻonlatib aytdi:

Tirikman zohirida, xalq bir odam gumon aylar...

Daho togʻdan eniboq soʻradi:
— Nima boʻldi, paxan?
— Binoyi boʻldi, binoyi. Urush ishtirokchilariga oʻzlari olib kelib beradigan boʻldi.
— Ana, aytdim-ku, ana!

Daho soʻradi, serjant Orziqulov javob berdi. Gap kunjaraga keldi.

Ana shunda Daho chidab turolmadi. Bolishdan lik etib turdi. Tarsillatib kaftiga mushtladi.

Serjant Orziqulov seskanib tushdi.
— Eh, paxan, eh, paxan! — dedi Daho. — Siz, kunjara kerak emas, dedingizmi?
— Shunday, shunday! Oʻzing aytding-da, shulxadan yaxshisi yoʻq deb?

Daho tagʻin kaftiga mushtladi.
— Men aytgan boʻlsam, sheluxa yaxshi yemish, shu sababli sheluxa soʻrang, deb edim! Kunjara sheluxadan ham yaxshi-ku?
— Bilaman, shulxa bilan kunjarani aralashtirib bersa, mol semiradi. Lekin sen, men nima desam, shuni qiling, deding-da.

Daho shahodat barmogʻini chakkasiga nuqiladi.
— Bu kalla bilan Gitlerni qanday qilib tor-mor qilgansiz, paxan? Tasavvur qilolmayman!
— Shu yogʻigayam shukur, ulim, shuyam yoʻq edi.
— Ha, mayli, boʻlgan ish boʻldi. Shunday qilib, yemish masalasi boʻldimi, paxan?
— Boʻldi, ulim, boʻldi.
— Yana qanday kam-koʻstingiz bor?
— Endi, shu molxona...— mingʻilladi serjant Orziqulov.
— Molxona? Nima molxona? Qani, yuring-chi. Daho otasi oldiga tushib molxonaga bordi. Molxona ogʻzidan qaradi.

Molxona ikkita bolor yogʻochi siniq boʻldi. Siniq joyi xiyol choʻkib turdi. Shu bois, bolor sinigʻiga ikkita ustun tirogʻlik boʻldi.
— Shunday tura bersa boʻlmaydimi? — dedi Daho.
— Boʻladi, besh-olti yildan buyon shunday turibdi. Tagʻinda tura beradi.
— Boʻlmasa nimaga molxona, molxona deysiz?
— Yomoni, qishda shu choʻkkan joyidan tomchi tomadi.
— Unda bunday qiling, paxan. Ikkita ustunniyam olib tashlang.
— Yoʻgʻ-e...
— Siz xoʻp deng, boʻling!

Serjant Orziqulov ikkita ustunnida olib tashladi.
— Endi, tomga chiqing.

Serjant Orziqulov narvondan tomga chiqdi. Oʻgʻli aytmish ishni qildi: siniq bolorlar ustidan bir oyoqlab tepdi.

Bolorlar choʻrt sinib, ichkari tushdi. Ustidan tom tuproq toʻkildi.

Molxona usti oʻra boʻlib qoldi.
— Ana endi tuman borasiz-da, shifer bilan yogʻoch soʻraysiz!

Daho otasi qoʻliga ariza yozib berdi.

58

Serjant Orziqulov tagʻin tuman yoʻl oldi. Oʻn oltinchi eshikni topib bordi.
— Hozir shifer bilan yogʻoch tugadi-ku, bova, — dedi katta.
— Bilmasam...— deya yelkasini qisdi serjant Orziqulov.
— Vaqtliroq aytsangiz boʻlardi, bova. Endi nima qilamiz? Picha sabr qilasizmi?
— Oʻzingiz bilasiz, katta. Ishonmasangiz borib koʻring, tom teshilib yotibdi. Mana shunday teshik!

Serjant Orziqulov quchogʻini katta ochib koʻrsatdi.
— Mol-holingiz shu qishni oʻtkazolmaydimi? — dedi katta.
— Oʻtkazolmas-ov. U teshikdan qor-yomgʻir tugul, xarsangtosh kirib ketadi, shunday.
— Unda, uyingizga taftish yuboramiz, bova. Bir-ikki kun sabr qilasiz endi. Sizday-sizday besh-oltita juda muhtojlar bor. Shularni ta’minlaymiz.

Oʻn kunlardan keyin qishloq shoʻrosidan uchta odam keldi. Molxona ostidan qaradi, molxona ustidan qaradi. Yordam berajak boʻldi.

Serjant Orziqulov tagʻin bir bor oʻgʻli kallasiga qoyil boʻldi.

«Molxona muqaddamgiday boʻlsa, yordam bermasdilar, — deya oʻyladi. — Oʻgʻlimning kallasi shoir kalla-da»;.

59

Bu safar nazmboz oʻgʻil yolgʻiz keldi.
— Qalay, paxan? — dedi.
— Boʻldi, bari boʻldi. Ana, ogʻilxonamizgacha shipir boʻp ketdi.
— Koʻrdim, koʻchadanoq koʻrdim.
— Xudo martabasini ulugʻ qilsin, koʻp yaxshi katta ekan. Xoʻp muruvvat qildi.
— Soddasiz, paxan, soddasiz! Mana, kim uchun qildi, mana!

Daho shunday deya koʻkragiga urdi.
— Orqangizda kim turganini bilib turibdi, ha, rahbarlar ham anoyi emas!
— Nima, katta seni taniydimi?
— Tanimasayam, ishqilib, biladi! Yozuvingiz chiroyli ekan, dedimi? Boʻldi, bekorga bunday demaydi! Sizning bunday yozolmasligingizni yaxshi biladi!
— Ishqilib, gapimni yerda qoldirmadi-da.
— Qoldirib koʻrsin!

Daho joylashib oʻtirib, tagʻin bir nima yozdi. Bu, mashina arizasi boʻldi.

Ana shunda serjant Orziqulov yorildi.
— Endi, shu arizabozlikni qoʻy, ulim, — dedi. — Odamning beti chidamay qoldi. Bugun bu, ertaga u... Serjant Orziqulov qarigan chogʻida tilanchi boʻlib qolibdi, demaydimi? Deydi! Tilanchi demasayam, moʻltoni deydi!
— E-e, paxan, siz foydangizni oʻylasangiz-chi, foydangizni! Tilanchi deydi, moʻltoni deydi!.. Shuyam gapmi?
— Gap, ulim, gap. Yoshim yetmishdan oshdi. Urushda...
— Endi, paxan, hozir oshkoralik davri... Urushgan boʻlsangiz... oʻzingiz uchun urushgansiz!

Serjant Orziqulov seskandi.

Piyolasidagi choy chayqaldi. Oʻngiriga bir-ikki tomchi choy tomdi.

Piyolasini shoshib dasturxon qoʻydi. Oʻgʻliga tikildi.
— Nima-nima? — dedi.
— Urushgan boʻlsangiz, oʻzingiz uchun urushgansiz! Xafa boʻlmang, paxan, hozir oshkoralik davri! Siz otmaganingizda, nemis otar edi! Oqibat, urushdan qaytib kelmas edingiz! Xullas, oʻz joningizni saqlash uchun urushgansiz!
— Tagʻin gaping bormi?
— Qaltiramang, paxan, qaltiramang! Hozir oshkoralik davri!
— Boʻlsa, aytib qol, armonda qolma!
— Men sizga foydangizni gapirsam, darrov achchigʻingiz keladi, paxan! Oʻsha vaqtda tugʻilganimizda biz ham urushga borgan boʻlardik! Zamonangiz toʻgʻri kelib, urushga boribsizmi, endi shundan foydalaning deyapman! Besh kunligingiz bormi-yoʻqmi, bola-chaqangizni ta’minlab keting, deyapman! Ana, nima deyapman!
— Ta’minlamay, nima qilyaiman? Ana, molxonagacha shipir boʻlib ketdi. Kimning molxonasi shipirli?
— E-e, bular bir tiyin, paxan, bir tiyin!
— Boʻlmasa, tagʻin nima deysan? Daho qoʻlidagi qogʻozni koʻz-koʻz qildi.
— Mana, nima deyman! Mashina, mashina!
— Ota-bovam piyoda yurgan!..
— Chin, paxan, chin, otangiz mashina minmagan! Sababi, u zamonda mashina boʻlmagan! Hozir esa bor!
— Mashina kerak boʻlsa, oʻzing bor!
— Men borishim mumkin, paxan. Lekin menga mashina bermaydi, paxan, bermaydi! Mashina tugul, gugurt soʻrab boray, bermaydi! Sizga esa beradi! Sababi, siz yaxshimi-yomonmi, urushda boʻlgansiz, orden-medal olgansiz!
— Kunim adirda oʻtadi, men mashinani nima qilaman?
— Toʻporisiz, paxan, toʻporisiz! Yana-tagʻin, urushda boʻlganman, deysiz! Bu kalla bilan qanday kilib urushgansiz, tasavvur qilolmayman! Sotamiz! Tushundingizmi? Sotamiz! Mashina qoʻlda qirq ming turadi! Qirq ming! Davlat narxi esa bor-yoʻgʻi oʻn ming!

Shunda, serjant Orziqulov shashtidan tushdi. «Haqiqatan ham koʻp pul boʻlar ekan»;, deya oʻyladi.
— Hali mana bu nevaralaringizni uylantirish kerak boʻladi, joylantirish kerak boʻladi! — dedi Daho. — Buning uchun pul kerak boʻladi, paxan, pul!

«Bolaning kallasi ishlaydi, — deya oʻyladi serjant Orziqulov. — Ming qilsayam, shoir kalla-da»;.
— Mayli, mashina arizaniyam olib boraman, — dedi serjant Orziqulov. — Lekin oldin tosh yoʻl bilan joʻmrak hal boʻlsin. Besh qoʻlni barobar ogʻizga tiqsak, yaxshi boʻlmas.
— Ha-a, yashang, paxan! Oʻzimning paxanimdan-da, oʻzginamning paxanginamdan-da!..

Daho otasini choʻlpillatib oʻpib oldi.
— Lekin buni ogʻzingizdan chiqarmang, paxan...

60

Dasht osmonday bepoyon boʻldi. Ufq alvon-alvon boʻldi. Oqshom musaffo-musaffo boʻldi. Bepoyon dasht uzra toʻrgʻaylar havoladi. Charx urib chuldiradi, charx urib boʻzladi. Daho shoirona-shoirona boqib odimladi. Izidan sakkiz yashar jiyani ergashdi. Qoqilib-surinib ergashdi. Burnini kovlab-kovlab ergashdi.

Daho bir xarsangtosh oldida oyoq ildi.

Kamzulini buklab-buklab toshga qoʻydi. Tushib ketmasin deya, kamzul koʻkrak choʻntagidagi daftar-qalamni bosib-bosib qoʻydi.

Daho tosh oʻngida, jiyan tosh chapida oʻtirdi.

Daho papiros burqsitdi. Dashtga termulib xayol surdi.

Dasht uzra toʻrgʻaylar charxpalak boʻldi, toʻrgʻaylar yulduzday uchdi, toʻrgʻaylar joyida muallaq qotib qoldi.

Toʻrgʻaylar sozi koʻngilni oromladi, toʻrgʻaylar sozi koʻngilni sozladi.

Besh-oʻn qadam oldin toshlar orasidan bir toʻrgʻay oʻqday otilib uchdi. Toshlar uzra muallaq boʻlib chuldiradi. Tagʻin toshlar aro shoʻngʻidi, tagʻin samoda havolandi.

Jiyan ana shu toshlarga qarab chopdi. Qoʻllarini tizzalariga tirab enkaydi. Enkaydi-enkaydi, qomatini oldi.
— Togʻa, manavinga qarang! — dedi.

Daho imillab qoʻzgʻoldi. Jiyani oldiga bordi.

Toshlar orasida xas-choʻpdan bino boʻlmish in boʻldi. Inda patlar toʻshogʻlik boʻldi.

Inda ikkita polapon qimir-qimir etdi...

Polaponlar pati boʻlmadi, polaponlar qanoti boʻlmadi.

Polaponlar hali jish boʻldi!

Polaponlar pitir-pitir etdi. Indan yerga tushgisi keldi. Yoʻrgʻalab-yoʻrgʻalab yurgisi keldi. Havolanib-havolanib uchgisi keldi.

Ammo nachora, dard boru, darmon yoʻq boʻldi!

Polaponlar ogʻzini kappa-kappa ochdi. Norasta-norasta ovoz berdi:
— Chiy-chiy-chiy!..

Daho choʻkkaladi. Indan bir choʻp sugʻurib oldi. Choʻp uchini polapon ogʻziga olib bordi. Polapon ogʻzini yumib oldi. Daho choʻpni shaylab turdi. Intiho, polapon tagʻin ogʻzini ochdi.
— Chiy-chiy-chiy!..— dedi.

Daho choʻp uchini polapon ogʻziga tiqib yubordi.
— O, kirdi! — dedi. Jiyan seskanib tushdi.

Polapon toʻlgʻondi, polapon talpindi.
— Chiy-chiy-chiy...— degisi keldi. Daho choʻp bilan polaponni turtdi.

Polaponda hayot nishon bermadi!

Toʻrgʻay boshlari uzra charx urib boʻzladn.

Shunda, toshlar orasidan haddan ziyod nimjon ovoz keldi.

Daho toshni koʻtarib qaradi.

Tosh ostida yongʻokday chipor moyak boʻldi. Moyak yorigʻidan bir tumshuq chiqib turdi. Tumshuq vaqti-vaqti bilan qimirladi. Hayotga talpindi.
— Bechora-e, chiqolmayapsanmi? Hozir chiqaramiz, hozir. Avval bir suv ichib ol!

Daho shunday deya, ogʻzida tupuk toʻpladi. Tupugini avaylab moyak yorigʻiga toʻkdi.

Moyak yorigʻi balgʻamga toʻldi.

Daho papirosini burqsitib-burqsitib tortdi. Choʻgʻini polapon tumshugʻiga olib bordi. Choʻgʻ tupukda jiz-jiz etdi.

Jiyan ingrab yubordi.

Toʻrgʻay boshlari uzra charx urib boʻzladi.

Daho moyakni indan oldi. Aylantirib qaradi.

Polaponda jon asari boʻlmadi!

Daho moyakni otib yubordi.

Polapon bir yon boʻldi, beshigi bir yon boʻldi!

Toʻrgʻay boshlari uzra charx urib boʻzladi.

Jiyan chinqirib yubordi. Togʻasi tizzasiga yuzlarini yashirib yigʻladi.
— Nimaga yigʻlaysan? — dedi Daho. — Choʻqib oladi deb qoʻrqyapsanmi? Choʻqib koʻrsin, tosh bilan solaman!

Jiyan oʻpkasini bosolmay yigʻladi. Koʻzi qiri bilan yerda sulayib yotmish polaponga qaradi. Tagʻin yuzlarini yashirdi.
— Ketdik, jiyan, ketdik, — dedi Daho. Jiyan ketiga qaray-qaray ergashdi.

Daho kamzuli oldiga keldi. Birdan afti burishdi.
— Tfu! — dedi. Jiyan olgʻa oʻtib qaradi.

Kamzul koʻkrak choʻntagida turmish daftar-qalamga... qush oʻtirib ketdi!

61

Katta bir serjant Orziqulovga qaradi, bir derazaga qaradi. Tashqari tikilib oʻyladi.

Serjant Orziqulov qoshiga kelib oʻtirdi. Barmoqlarini bir-biriga kiydirdi. Serjant Orziqulovga tikildi.
— Bova, — dedi, — bir gap aytsam, birovga aytmaysizmi?
— Qandaychikin gap?
— Yoʻq, siz oldin ayting-da. Masalan, oʻgʻlimga aytmayman, deng-da.

«Oʻgʻlimdan qoʻrqar ekan, — xayol qildi serjant Orziqulov. — Oʻgʻlimning koʻkragiga mushtlaganicha bor ekan»;.
— Ayta bering, aytmayman.
— Gap bunday, bova. Siz ana shu oʻgʻlingizni chaqaloqdan goʻdak qildingiz, goʻdakdan bola qildingiz, boladan yigit qildingiz. Xullas, bir parcha etni odam qildingiz. Toʻgʻrimi gapim?
— Shunday, shunday!
— Keyin, oʻqitdingiz, uylantirdingiz, joylantirdingiz. Buyam mayli, bu, har bir ota-ona burchi. Eng dahshatlisi, urushda boʻldingiz! Jon olib, jon berib keldingiz, qon kechib keldingiz. Kim uchun qon kechib keldingiz? Avvalo, ana shu farzandlar uchun! Qola bersa, ana shu el-yurt uchun! Ana shu el-yurtni deb, ajdarho ogʻziga qoʻl tiqib keldingiz! Gitler ajdarho edi-da, toʻgʻrimi gapim?
— Shunday, shunday!
— Shunday ekan, farzandlardan qarzingiz qolmadi! El-yurtdan qarzingiz qolmadi! Jamiki burchingizni bajarib boʻldingiz! Endi, oyoqni uzatib yoting! Farzandlar oʻz kunini oʻzi koʻrsin!
— Endi, katta, shu nevaralar...
— Kecha farzand tashvishi deb chopdingiz, bugun nevara tashvishi deb chopyapsiz. Ertaga chevara tashvishi keladi, indinga evara tashvishi keladi. Dunyo shunday, bova! Endi siz qoʻying, bova, damingizni oling! Nevaralar oʻz kunini oʻzi koʻrsin!
— Shunday, katta, shunday!
— Oʻlmang, bova! Mayli, bu aytganingizniyam bajarib beraman! Imkoniyat boʻldi degandan oʻzim xabar qilaman!

Serjant Orziqulov qoʻyniga qoʻl soldi.
— Manavini...
— Yoʻq-yoʻq, bova, ariza oʻzingizda tursin. Bu yerda nima koʻp, qogʻoz koʻp, yoʻqolib qoladi. Oʻzim xabar qilaman, oʻshanda olib kelasiz. Qani, qoʻlni bering. Xayr, omon boʻling.

62

Daho oqshom vaqti keldi. Koʻcha bosh-adogʻiga qaradi.

Serjant Orziqulov oʻgʻli nimaga qarayotganini bildi.
— Ijobat boʻlmadi, ulim, ijobat boʻlmadi, — dedi.
— Koʻrib turibman, boʻlmaganini.
— Lekin oʻzim xabar qilaman, dedi.
— Arizani olib qoldimi?
— Yoʻq, ariza qoʻynimda turibdi, mana.
— Unda, boʻlmaydi!
— Yoʻq, boʻladi, dedi. Soʻgʻin xabar beraman, dedi.
— E-e, qachongacha xabar olasiz? Toʻrt marta bordingizmi? Toʻrt marta! Shu vaqtgacha boʻlsa boʻlardi-da! Men, xalqimni sarson qiladiganlarga koʻrsatib qoʻyaman!

Daho shunday deya ichkariladi. Izidan yoronlari yurdi. Yoronlar davra boʻlib oʻtirdi.

Serjant Orziqulov dasturxon yoydi. Choy olib keldi.
— Oʻtiring, paxan, oʻtiring, — dedi Daho.
— Bemalol choy ichib oʻtira beringlar. Men oʻchoqqa oʻtin yorib berayin, — dedi serjant Orziqulov.

Daho yoronlari bilan maslahatlashdi-maslahatlashdi, qogʻoz-qalam oldi. Ichkari uyga kirdi. Bu orada serjant Orziqulov keldi.
— Ay, yashanglar, ullarim, — dedi.

Choynakni qimirlatib-qimirlatib koʻrdi. Choyi tugaganini bildi. Choy damlab keldi.

Asfalnishin boʻlib oʻtirdi. Choy qaytardi. Choy quyib berdi.

Xiyol oʻtdi, Daho keldi. Yoronlariga bir qogʻoz uzatdi.

Yoronlar birin-birin oʻqidi. Bosh irgʻab-irgʻab oʻqidi.
— Goʻzal! — dedi. — Lekin bu odamlar qaerda, Daho?
— Shu qishloqda, qaerda boʻladi.
— Bular qoʻl qoʻyarmikin?
— Men aytaman-u, xalqim yoʻq, deydimi? Jon deydi! Men elga ogʻiz solsam, el jon deydi-ya, paxan?
— Jon demasayam, ishqilib, yoʻq demaydi. Ayniqsa, Orolni asraylik, deya ma’ruza qilayotganingdan buyon, el izzatingni qilib qoldi!
— Ana, eshitdingizmi? Xoʻ-oʻsh, Ochil jiyan koʻrinmaydi, paxan?
— Jiyaning ulfatlari bilan yurgandir-da. Nima edi? Xizmat bormi? Boʻlsa, ayta ber. Mana, oʻzim bor.

Daho bir qator ism-sharif oʻqidi.
— Ana shularni uyga aytib keling, paxan!
— Nima, zaril ish bormi?
— Bor, zaril ish bor!
— Unda, enangga aytayin-da, xoʻrakni moʻlroq qilsin?
— Boring, shunday qiling!

63

Serjant Orziqulov bir osh pishirimlar oʻtib qaytib keldi.
— Aytdim, bari boramiz, dedi, — deya bosh irgʻadi. Yoronlar Dahoga qarab bosh irgʻadi.
— Mabodo bu bilan ham boʻlmasa nima qilamiz-a? — dedi Daho.

Yoronlar pinak buzmadi.
— Unda, oʻsha iflosning kavushini toʻgʻrilab qoʻyamiz, — dedi.
— Qanday qilib kavushini toʻgʻrilaysiz?
— Toʻgʻrilaymiz-da. Siz Toshkentda yurgan odamsiz, Daho. Biz tumanda ishlaymiz. Tumanda kim qanday, barini bilamiz!
— Masalan, oʻsha rahbar haqida nimani bilasiz?
— Umi? U... u, uchiga chiqqan buzuqi-ku!
— Buzuqi? Buzuqiligini qaerdan bilasiz?
— Butun tuman biladi!
— Bilishning oʻzi boʻlmaydi-da. Dalil kerak, dalil! — dedi Daho.
— Dalil koʻp.
— Masalan?
— Masalan, bir koʻkkoʻz oʻrinbosari bor. Paxtaday oppoqqina ayol. Ana shu koʻkkoʻz oʻrinbosari bilan yuradi. Kuppa-kunduz kuni shu koʻkkoʻzni mana bunday qilib tizzasida olib oʻtiradi...

Yoron tizzasida goʻdak quchoqlab oʻtirmishday qilib koʻrsatdi.

Serjant Orziqulov e’tibor bilan koʻrdi, qunt bilan eshitdi.

Daho kaftlarini bir-biriga ishqadi. Olma poʻstlogʻini qulochkashlab dasturxonga urdi.
— Boʻldi! — dedi. — Eshitdingiz-a, paxan, shikoyatni e’tiborga olsa oldi, olmasa, ustidan yuqoriga yozamiz! Maishiy buzuqlarga davlat idoralarida oʻrin yoʻq, deb yozamiz!

64

Birin-ketin urush ishtirokchilari kirib keldi. Daho urush ishtirokchilariga bir-bir qarab oldi. Goʻyo majlisda soʻzlamoqchiday tomogʻini qirdi. Ovozini atayin yoʻgʻonlatdi. Tantanali suratda soʻz boshladi.
— Hammamiz uchun hurmatli va aziz urush qahramonlari! — dedi. — Biz qalam ahli haqiqatni barqaror etish uchun keldik! Toptalgan haqiqatni izlab topishga yordam berish uchun sizlarni chaqirdik!

Bir chol qulogʻi ogʻir shekilli, qabatida oʻtirmish yigitdan soʻradi:
— Nima deyapti? — dedi.
— Haqiqatni izlab topish kerak, deyapti! — dedi yigit.

Daho gapida davom etdi:
— Mana siz, Qulmat bova, oqsaysiz! Jabhalarda oyogʻingizdan yarador boʻlib keldingiz! Natijada Qulmat choʻloq, deb taxallus... yoʻq, laqab oldingiz! Qulmat choʻloq! Ona-Vatan uchun choʻloq boʻlish! Ona-Vatan hurmat-e’tibori esa bu!
— Xudoga shukur, nevaram, toʻkin-sochinchilik, yeyish-ichishdan kamchiligimiz yoʻq.
— Kamchiligimiz yoʻq? Ay, otaxon-e! Koʻchangizni qarang, koʻchangizni! Shu koʻchadan yurib boʻladimi? Hatto, mashinada yurib boʻlmaydi!
— Umrimiz shu koʻchada oʻtdi, nevaram, endi, buyogʻiyam bir gap boʻlar.
— Yoʻq, otaxon, yoʻq! Umringiz bunday oʻtmaydi! Mana, biz bor! Endi oynaday ravon yoʻlda yurasizlar! Sizlar bunga munosibdirsizlar! Ulugʻ Vatan urushi! Jabha! Moskva! Berlin!
— Yoʻq, men Berlingacha borganim yoʻq, nevaram. Men Bulgʻoriyani ozod qilishda tizzamdan oʻq yeb qaytib kelib edim.
— Baribir! Urushda boʻlganmisiz? Boʻlgansiz! Mayib-majruh boʻlganmisiz? Boʻlgansiz! Jaydari xalq aytganday, choʻloqsiz! Qulmat choʻloq!
— U-ku, chin, nevaram.
— Boʻpti-da!

Daho yoronlariga qarab oldi.
— Eshityapsizlarmi, bular haliyam foyda-ziyonini bilmaydi! Bular bu toʻporiligi bilan qanday qilib urushgan, tasavvur qilolmayman. Eh, oʻzim urushda boʻlmadim-da!..

Shunda, yosh yigit gap qoʻshdi:
— Endi, bovalar qaridi, shoir aka, qaridi, — dedi. — Birovi kar boʻp qoldi, birovi shapkoʻr boʻp qoldi, birovi joyidan turolmay qoldi...
— Mana, siz, uka? — dedi Daho. — Otingiz nima edi? Ha, Avaz! Mana, siz urush qatnashchisiz...
— Biz urush qatnashchisi emas, shoir aka. Biz Afgʻonistonda boʻlib keldik, xolos.
— Boʻlmasa, unda sizni kim deydi?
— Bizni «afgʻon»;, deydi.
— Avazboy, Afgʻonistonga dam olish uchun borib keldingizmi? Albatta, urushga-da!
— Chin, lekin afgʻon boshqa, urush boshqa...
— Afgʻonistonda lola sayli boʻlmadi, urush boʻldi, urush! Siz shu urushda baynalminal burchingizni bajarib keldingiz, baynalminal burchingizni!
— Chin, baynalminal burchimizni bajarib keldik, chin.
— O-o-o, baynalminal burchni bajarishning oʻzi boʻlmaydi! O-o-o, dushman oʻqi quloqlar ostidan viz-viz oʻtib turadi! Goh oʻng tarafda, goh chap tarafda dushman bombalari paq-paq yorilib turadi! Har qadamda dushman minalari gumbur-gumbur portlab turadi! Dushman samolyotlari ajal urugʻini sochib turadi! Suv osti kemalari patir-putur torpedo otib turadi!..
— Afgʻonistonda ichgani suv yoʻq, shoir aka, suv osti kemasi nima qiladi?
— Nega suv yoʻq? Amudaryo-chi? Qadimiy Jayhun?
— Men Afgʻonistonda boʻlganim bilan dushman yuzini koʻrganim yoʻq, shoir aka.
— Unda, nima ish qildingiz?
— Oziq-ovqat omborxonasida ishladim.
— Ana, ana! Siz oziq-ovqat bermaganingizda lashkar och qolar edi, jangda magʻlub boʻlar edi! Orden-medallardan bormi?
— Sandiqda bir-ikkita bor edi shekilli.
— Iya, nimaga sandiqda yotadi? Taqish kerak, olib taqish kerak! Mana, otaxonlarimizni qarang, koʻkraklari yalt-yult qiladi! Koʻz quvonadi! Siz ham taqing-da!
— Qoʻying, shoir aka, qoʻying, uyalaman.
— Soddasiz, Avazboy, soddasiz. Uyalsangiz, bu dunyoda ochdan oʻlasiz!

65

Daho urush ishtirokchilarini ruhan arbadi, qalban eladi.

Oxir-oqibat, chollar ma’qullab bosh irgʻadi.

Birov tuzumni soʻkdi, birov orden-nishonni soʻkdi, birov kattani soʻkdi!

Daho ana shunda oʻzi yozmish arizani oʻqib berdi.

Urush ishtirokchilari bir ovozdan rozilik berdi.

Daho arizani ohista bir chetga surdi. Oʻrniga oppoq qogʻoz qoʻydi.

Urush ishtirokchilari Daho yuzigada qaramay qoʻl qoʻyib berdi.

Faqat «afgʻon»; Daho yuziga qaradi.
— Ariza uyoqda qoldi-ku, shoir aka? — dedi.
— Endi, «afgʻon»; uka...— deya kalovlandi Daho. — Ha-ha, ariza oxirida imzo uchun boʻsh joy qolmadi, ha! Qoʻl qoʻya bering, «afgʻon»; uka, hamma qogʻoz, bir qogʻoz!

«Afgʻon»; qoʻlida qalam, oʻyladi-oʻyladi, shartta qoʻl qoʻyib yubordi.

Qulmat choʻloq achchiq bilan qayta-qayta qoʻl qoʻydi.
— Mana boʻlmasa, mana! — dedi.
— Yashang, otaxon, yashang! — dedi Daho. — Qoʻsh imzo boʻldi, qoʻsh imzo! Ziyoni yoʻq! Qoʻsh imzo, masalani qoʻshqoʻllab ma’qullash boʻladi!
— Boʻldimi, endi keta bersak, maylimi? — dedi urush ishtirokchilari.
— Yoʻq, shoshmanglar, otaxonlar. Paxan, qozondan bir xabar oling, palov pishdimikin! Men vatan uchun qon toʻkkan tabarruk xalqimni kuruq ogʻiz joʻnatmayman!

Serjant Orziqulov ikkita lalmi toboqda palov olib keldi.

Daho tomogʻiga chertib-chertib aytdi:
— Endi, aybga buyurmaysizlar, haligidan yoʻq, — dedi. — Hademay namoz oʻqishni boshlamoqchiman. Toat-ibodatga berilmoqchiman.
— Bali, ulim, bali! — dedi urush ishtirokchilari.
— Asl musulmon farzandi shunday boʻladi!

Daho qulochlarini katta ochdi. Ogʻzini toʻldirib-toʻldirib aytdi:
— Sizday tabarruk xalqim qon toʻkib himoya qilgan vatan uchun munosib farzand boʻlmasam boʻlmaydi-da!
— Oʻzi, kolxozimizga oʻzingiz rais boʻlsangiz boʻlar ekan! — dedi urush ishtirokchilari.

Daho qoʻl siltadi.
— Yoʻq, vaqtim yoʻq! — dedi. — Ijod, ijod!

66

Serjant Orziqulov palovdan keyin toʻqson besh choy suzdi.

Oʻgʻliga choy uzatdi.
— E, yashang, paxan, yashang! — deya choyni oldi Daho. — Paxan, endi, qachon tuman joʻnaysizlar?
— Bilmasam, — deya yelka qisdi serjant Orziqulov. — Qachon desang, shu.

Daho urush ishtirokchilariga qaradi.
— Xoʻsh, qachon safar qilasizlar, tabarruk otaxonlar? — dedi.

Urush ishtirokchilari angraydi. Bir-biriga qaradi. Yelka qisdi.

Sukunatni «afgʻon»; buzdi.
— Men borolmayman, shoir aka, — dedi. — Maktabda darsim bor.
— Biz ham shu, — dedi urush ishtirokchilari. — Tirikchilik, ulim, tirikchilik!

Daho arizani roʻkach qildi.
— Bu tirikchilik emasmi? — dedi. — Bundan ortiq tirikchilik bormi?
— Siz shaharda yashaysiz-da, ulim, — dedi urush ishtirokchilari. — Oʻtin-choʻp demaysiz. Issiq-sovugʻingiz oldingizda, shu bois, orqayin boʻlib yurasiz. Bizda, mana, serjant Orziqulov biladi, bir kallada ming xil tashvish.
— Men aslo bormayman, — dedi Qulmat choʻloq. — Shaharlab kelguncha bir kun oʻtadi. Shundayam, avtobus boʻlsa. Odam idoralarda ikki-uch osh pishirimlab oʻtirib qoladi. Shundayam, kattalar qabul qilsa. Boʻlmasa, siz qabulida oʻtirasiz, kattalar orqa eshigidan chiqib ketadi. Nafaqam masalasida boshimdan oʻtib edi.
— Siz, otaxon, mana shunday orden-medallar taqib borasiz, birdan kirib ketasiz!
— Orden-medal taqib borishdan armon qolmadi, nevaram. Menga oʻxshagan orden-medallilar toʻlib yotibdi!

Urush ishtirokchilarini koʻndirish qiyin boʻldi.

Shunda, serjant Orzikulov urush ishtirokchilari joniga ora kirdi.
— Unda, arizani olib, oʻzim bir borayin qani, — dedi serjant Orziqulov. — Mabodo, qoʻl qoʻyganlar kelsin, desa, yoppa-baraka bir borib kelasizlar, binoyimi?
— Mayli, bir borishga borib kelamiz, mayli. Urush ishtirokchilari shunday deya, uy-uylariga tarqaldi.

Daho otasini zim-ziyo hovli chetiga qoʻltiqlab bordi.
— Gap bunday, paxan, — dedi. — Ana, imzolar askarday saf boʻldi. Endi... shu, toshyoʻl bilan joʻmrak tashvishini boʻldi qilamiz, paxan.

Serjant Orziqulov xushhol boʻldi.
— Men aytib edim-ku...
— Juda bilib aytgan ekansiz, paxan, juda! Ota-bobolarimiz chang yoʻldan yurgan, ariqdan suv ichgan! Bizniyam chang yoʻl koʻtaradi!
— Ana endi oʻzingga kelyapsan!
— Endi, paxan... yuqoriga mashina arizani uzatasiz, kelishdikmi?

Serjant Orziqulov ana shunda oʻgʻli maqsadini bilib oldi.
— Uyat boʻladi, ulim, uyat boʻladi! — dedi.
— Nimasi uyat boʻladi? Ana, qator-qator imzo. Men bekorga alohida qogʻozga imzo qoʻydirib olmadim! Jamoa boʻlib soʻrasa, darrov beradi!
— Odamda tayin boʻlsa-da, ulim. Oldin toshyoʻl deb, birdan mashina desam. Yoʻl biryoqli boʻlsin qani. Soʻgʻin, mashina boʻladi.
— Ha, mayli... Unda, dadil-dadil gaplashing, paxan. Qoʻrqmang, oʻzim bor!
— Bundan ziyod qaytib gapirishayin?
— Sening aytganing boshqadir, deng! Boyagi gaplar yodingizda-ya? Gʻing desang... yozaman deng!..

67

Serjant Orziqulov ostonada oyoq ildi.

Choponi yoqalarini ochdi. Orden-nishonlarini koʻrimli qildi.

Ammo... ichkarilash uchun beti boʻlmadi!

«Tagʻin keldingmi, chol, desa, nima deyman?»; deya oʻyladi.

Oʻyladi-oʻyladi, qoʻynidan buklogʻlik qogʻozni oldi. Katta ochdi.

Olgʻa uzatib ichkariladi.

Zarang tayogʻini burchakka suyab koʻydi.

Arizani endi qoʻshqoʻllab ushladi. Oʻzidan bir qadamcha olgʻa uzatdi. Katta sari yurdi.

«Qoʻlimda qogʻoz koʻrib, rahm qiladi»;, deya umidlandi.

Chin, qulogʻida telefon ushlab oʻtirmish katta serjant Orziqulov qoʻshqoʻllab uzatib kelmish qogʻozga tikilib qoldi.
— U nima? — dedi.

Serjant Orziqulov ariza deyishinida bilmadi. Ushbu soʻzlarni ogʻziga ep koʻrmadi! Ushbu soʻzlarga tili bormadi!
— Ana, ana! — dedi.
— Nima ana?
— Noma, noma!
— Noma? Qani, bering-chi.

Katta shunday deya, telefonni joyiga qoʻydi. Serjant Orziqulov uzatib turmish qogʻozni oldi. E’tibor bilan qaradi. Ketiga chalqaydi. Yelkasidan nafas oldi.
— Uf-f! — dedi. — Bilaman, toʻrt marta oʻqidim, bilaman!
— Yoʻq, bu boshqa, bunda...

Serjant Orziqulov barmoqlari bilan havoda imzo qoʻyib koʻrsatdi.
— Bunda qoʻl bor, katta, qoʻl!

Katta arizani tagʻin ochdi. Oxirini qaradi. Peshonasi tirishdi. Lablari choʻchchaydi.
— Uh-u-u! — dedi. — Doniyorov, Toshboev, Zaynid-dinov... Zayniddinov Aliboy, Aliboy...

Katta derazaga qarab oʻyladi. Keyin, serjant Orziqulovga qaradi.
— Bova, bu Zayniddinov Aliboy urushdan qaytib kelmab edi shekilli?
— Shunday, rahmatlik qaytib kelmadi, shunday.
— Unda, shikoyatga qanday qilib qoʻl qoʻydi?

Ana shunda serjant Orziqulov nima gapligini angladi. Bir boshqa boʻlib qoldi.

«Hay, shum-a, shum shoir-a! — deya oʻyladi serjant Orziqulov. — Senga tiriklarning imzosi yetmasmidi? Endi nima desam boʻladi?»;
— Endi, katta...— deya kalovlandi. — Aliboy el-yurt uchun urushda jon berdi, shunday. Endi, otasi uchun bola-chaqasi toshyoʻldan yursin, deymiz-da. Otasi uchun bola-baqrasi joʻmraqdan suv ichsin, deymiz-da.
— Tushundim, bova, tushundim. Urush qurbonlari yetim-esirlariga albatta yordam beramiz. Ammo hali-hozircha ilojimiz yoʻq. Iloji boʻlsin, darhol yordam beramiz.
— Nimaga iloji yoʻq ekan? Shuncha nimaning iloji boʻladi-yu, bir shu toshyoʻl bilan joʻmrakning iloji boʻlmaydimi? Hali....

Serjant Orziqulov chap qoʻynini ushladi. «Hali toshyoʻl arizasi nima emish, qoʻynimda mashina arizasiyam bor, mana»;, deyayin-deyayin, dedi!
— Shunday bir katta rayon uchun besh-olti mashina tosh bilan, yosh bolaning chuldiriday keladigan manavinday joʻmrak nima degan gap? — dedi.
— Chin, hech gap emas, bova, chin. Bilasizmi-yoʻqmi, rayon ham roʻzgʻorday gap, bova. Bugun bu yoʻq boʻladi, ertaga u yoʻq boʻladi. Kuni kelsa, bari boʻladi! Hozir bozor yoʻliga oʻtyapmiz. Shu sabab, koʻp tanqischilik boʻlyapti.
— Ulugʻ Vatan urushi eskirdi desalaring, ana, Afgʻonistonda...

Serjant Orziqulov shahodat barmogʻi bilan stol chertdi.
— Afgʻonistonda...
— Baynalminal! — dedi katta. Serjant Orziqulov ketma-ket stol chertdi.
— Ha-ha, shunday! Afgʻonistonda ana shundaychikin burchini bajarib kelganlar bor! Bizni ikrom qilmasalaring ham, ana shu burchni bajarib kelganlar izzatini qilinglar!
— Biz Ulugʻ Vatan urushi qatnashchilariniyam, Afgʻonistonda baynalminal burchini bajarib kelganlarniyam hurmat qilamiz, bova.
— Afgʻonistonda haligidaychikin...
— Baynalminal!
— Ana shundaychikin burchni bajarib kelishning oʻzi boʻlmaydi, shunday!
— Boʻladi, bova, boʻladi.
— Shu bilan beshinchi bor kelishim, qachon boʻladi? Bu idorami, nima oʻzi?
— Shunday deya bersangiz, meni xafa qilasiz, bova. Soʻgʻin, ikkovimizniki boʻlmaydi...

68

Ana shunda serjant Orziqulov joyidan lik etib turdi.
— Boʻlmaydi? — dedi. — Nimaga boʻlmaydi?
— Uf-f, oʻtiring, bova, oʻtiring! Gapga quloq solmasangiz, ikkovimizning oshnachiligimiz boʻlmaydi, deyapman!
— Gapga quloq solmay nima qilyapman?
— Obroʻyingizni saqlang, deyapman-da, bova!
— Obroʻyimga nima qilibdi?! Men Maskovdan Berlingacha Gitler quvib borib edim! Men oltita «til»; ushlab kelib edim! Men generallardan rahmatnomalar olib edim, generallardan! Men uch joyimdan oʻq yeb edim! Shunday!
— Tavba qildim, bova, tavba qildim!
— Men sendayin...

Serjant Orziqulov kaftini qulogʻiga tutib koʻrsatdi.
— Idorada mana bunday qilib qulogʻimga telefon qoʻndirib oʻtirmab edim! Shunday!
— Xoʻp, deyapman-ku, bova, xoʻp!
— Xoʻp demay koʻr qani! Gʻing desang...

Katta birdan oʻzgardi. Yuzlari qahrli tus oldi.
— Xoʻp demasam, nima qilasiz? — dedi.
— Gʻing desang... yozaman!
— Nima qilasiz?

Serjant Orziqulov barmoqlarini stol uzra yugurtirib koʻrsatdi.
— Gʻing desang... mana bunday qilib yozaman! Sening aytganing boshqadir!
— Qayoqqa yozasiz?

Serjant Orziqulov shahodat barmogʻi bilan shiftga ishora berdi.
— Gorbachyovga yozaman!
— Nima deb yozasiz?
— Ana shu katta... koʻkkoʻz oʻrinbosari bilan... shunday-shunday, deb yozaman!.
— Nima-nima?

Katta ohista-ohista joyidan qoʻzgʻaldi. Koʻzlari ola-ola boʻldi.
— Ana shu katta ish vaqtida...

Serjant Orziqulov tizzasida goʻdak quchoqlab turmishday qilib koʻrsatdi.
— Koʻkkoʻz oʻrinbosarini mana bunday qilib tizzasida quchoqlab oʻtiradi, deb yozaman!

Katta yuzlaridan rang qochdi. Yuzlari birdan vajohatli tus oldi.
— He, beting qursin! — dedi. Katta qalt-qalt qaltiradi.

Serjant Orziqulov nima qilishini bilmadi. Nima deyishini bilmadi. Joyidan dovdirab-dovdirab turdi. Katta ovozi qalt-qalt etdi.
— Chiq idoradan! - dedi. - He, tiling kesilsin!
— Nima uchun chiqaman? Sening aytganing boshqadir!
— Chiq deyman, boʻlmasa, hozir melisa chaqiraman! Katta uzun stol oʻngidan yonbosh boʻlib yurdi. Serjant Orziqulov stol chapidan yonbosh boʻlib yurdi. Katta serjant Orziqulovga yeguday-eguday boʻlib tikildi.
— Sen arizabozdan boshqa odam urushga borgan yoʻqmi? Bir sen arizabozmi, urushga borgan?!
— Ogʻzingga qarab gapir, men vatan uchun jang qilib edim!
— Agar senga oʻxshagan arizabozlar himoya qilgan vatanda yashashimni bilganimda, bu dunyoga kelmas edim!
— Kelib yuribsan-ku?

Katta oʻng choʻntagi astarini agʻdarib koʻrsatdi.
— Ey, inson, qani toshyoʻl, qani?!

Katta chap choʻntagi astarini agʻdarib koʻrsatdi.
— Qani joʻmrak, qani?! Boʻlsa koʻrsat, qoʻlingga berayin-da, sendan qutulayin?!
— Men urush qatnashchisiman, sening aytganing boshqadir!
— Sen urush qatnashchisi emas... sen — urush arizabozisan! Sen — urush igʻvogarisan!
— Meni qarib qoldi, deb soʻkyapsanmi? Oramizda «afgʻon»; boʻzbolalar bor! Borib aytmaganimniyam koʻrasan!
— Urush-urush dedilaring, endi, Afgʻoniston ham qoʻshildimi?! Fargʻonada oʻq otildi, endi oʻq otganlargayam qoʻl qoʻydirib ol! Oʻshda qirgʻin boʻldi, endi qirgʻinchilargayam qoʻl qoʻydirib ol! Lenin maydonida «Birlik»; namoyishi boʻldi, endi namoyishchilargayam qoʻl qoʻydirib ol!

Katta gapira-gapira burchakda suyogʻlik zarang tayoqni oldi.
— Urush qatnashchisini soʻkkaning uchun hali kallang bilan javob berasan! Sening aytganing boshqadir! — dedi serjant Orziqulov.
— Sen urush qatnashchisi emas! Sen — urush fisq-fasodchisisan! Sen — urush marazisan!

Katta zarang tayoqni eshikdan dahlizga otib yubordi. Shahodat barmogʻi bilan dahlizni koʻrsatib zugʻum qildi.
— Chiq! — dedi. — Qaytib qorangni koʻrmayin!

Serjant Orziqulov ostonadan hatladi.

Katta soʻka-soʻka, eshikni serjant Orziqulov yuziga qarsillatib yopdi.
— He, soqoling koʻksingga toʻkilsin! — dedi. — Sen urush arizabozlari oʻlmading, men qutulmadim!

Ana shunda... ana shunda, serjant Orziqulov tok urmish odam misol alpang-talpang boʻldi.
— A?.. — dedi.

Ana shunda... ana shunda, serjant Orziqulov yarasiga tigʻ tegmish bemor misol qalqib-qalqib ketdi.
— A-a-a?.. — dedi.

Serjant Orziqulov eshikni mushtlayin dedi. Eshikni tepayin, dedi.

Ammo qoʻlida quvvat boʻlmadi, oyogʻida darmon boʻlmadi.

69

Serjant Orziqulov dahlizda moʻltayib-moʻltayib turdi.

Turdi-turdi, yerda yotmish zarang tayogʻini oldi.

Ohista-ohista zinadan endi.

«Ay, oʻlayin-a, urushga bormay men oʻlayin-a!»; deya inqilladi.

Ijroqoʻm binosidan tashqariladi. Old-ketiga qaramadi. Avtobus bekatiga yoʻl oldi.

Avtobus orqa eshigidan kirdi. Ichkarida odam siyrak boʻldi. Joylar boʻsh boʻldi.

Shunday boʻlsa-da, serjant Orziqulov... boʻsh joylardan uyaldi! Boʻsh joylarga qarashga beti boʻlmadi!

Avtobus oxirida choʻk tushdi. Yelkasidan nafas oldi.

«Ay, jonim-a, esizgina jonim-a»;, deya nolon etdi.

Old oʻrindiq qirrasiga bilaklarini toʻshadi. Yuzini bilaklariga bosdi. Koʻzlarini yumdi.

«Urushda oʻqqa uchsam boʻlmasmidi»;, deya nolon etdi.

Uyiga qanday yetib keldi, oʻzida bilmadi.

Gap yoʻq, soʻz yoʻq, koʻrpa-toʻshak qilib yotib oldi.

Kampiri girdikapalak boʻldi.
— Nima qildi, chol, nima qildi? — dedi. Serjant Orziqulov yuzini teskari burdi.
— Shunday kunlarga qolgandan koʻra, urushda bedarak yoʻqolsam boʻlmasmidi...— deya inqilladi.

Serjant Orziqulov shu yotishda oʻngalmadi.

70

Qoʻngʻiroq tunda jiringladi.

Daho eshitmaslakka oldi. Bolishdan bosh koʻtarmadi.

Kim boʻlsa-da, jiringlatib-jiringlatib ketadi, deya oʻyladi.

Ammo qoʻngʻiroq tinimsiz jiringladi.

Daho uyqusirab qoʻzgʻoldi. Eshik ochib, boʻsagʻada turmish jiyanini koʻrdi.

Jiyani yuzida horgʻinlik boʻldi, tashvish boʻldi.
— Shu... bovaning tobi qochib qoldi, — deya chaynaldi jiyan.
— Qaysi bova?
— Otangiz, serjant Orziqulov.
— Ha-a, bizning paxanmi? Endi, qarichilik shu-da...
— Xolam qattiq tayinladi, tez yetib kelsin, dedi.
— Nu-nu, kechasi-ya? Endi, men ertaga boraman-da.
— Bova ogʻir yotibdi, togʻa. Boraman desangiz, ana, koʻchada mashina turibdi. Tong saharda yetib boramiz.

Daho oʻylab-oʻylab kiyindi.

Qishlogʻiga uxlab-uxlab keldi.

Koʻzlarini ochib, mashina chirogʻida uylarini koʻrdi.

Mashinadan tushib ichkariladi.

71

Serjant Orziqulov uy toʻrida uzala yotdi.

Kampiri boshida mungʻayib-mungʻayib oʻtirdi. Koʻzi ilinib-ilinib oʻtirdi. Mudrab-mudrab oʻtirdi.

Daho ohista yoʻtaldi.

Onasi bosh koʻtardi, poygakda turmish oʻgʻilni koʻrdi.

Tizzasiga suyalib qoʻzgʻoldi. Qulochini tor ochdi. Oʻgʻliga qarab yurdi.

Oʻgʻlini bagʻriga bosdi. Teskari qaradi. Koʻzlarini yengi bilan artdi.

Tagʻin joyiga qaytib oʻtirdi.

Daho otasi boshiga bordi. Choʻkkalab oʻtirdi.

Otasi oʻsha chayir yuzli serjant Orziqulov boʻlmadi.

Yuzlari pajmurda boʻldi.

Jagʻlari, koʻzlari ich-ichiga choʻkib yotdi.

Boshlari goʻdak boshlaridayin maydagina boʻldi.

Serjant Orziqulov koʻzini ochmadi.

Daho otasidan hol soʻradi:
— Qalay, paxan, oʻzingizni yaxshi his qilyapsizmi? Serjant Orziqulovdan sado chiqmadi.

Shunda, kampiri ora kirdi.
— Ay, otasi, ulingiz keldi, — dedi. — Sizdan koʻngil soʻrayapti, eshityapsizmi?

Serjant Orziqulov shundagina koʻzini ochdi. Boshida turmish oʻgʻilni koʻrdi. Bilinar-bilinmas bosh irgʻadi. Qoʻlini koʻrpa ostidan oldi. Ammo koʻtara olmadi. Gilam uzra siljitdi-siljitdi, oʻgʻli tarafga olib bordi.
— Tursun, otang koʻrishaman deyapti, ol, qoʻllarini, — dedi onasi.

Daho otasi qoʻlini qoʻshqoʻllab ushladi.

Daho bir seskandi. Etlari uvishdi, jimir-jimir etdi.

Otasi qoʻli jonsiz boʻldi!

Xayolida, qurbaqa oʻligini ushlaganday boʻldi.

Yuragi duk-duk urdi. Qoʻllari qaltiradi.

Boʻgʻzidan nimadir, nimadir bir nima otilib chiqayin-chiqayin, dedi.

Bir amallab joyidan qoʻzgʻoldi. Joyida tikka turdi. Chayqaldi-chayqaldi, ketiga burildi. Eshik tarafga yurdi.

Libosini oyogʻiga ilib-ilmadi, kiyib-kiymadi. Tashqari otildi.

Zim-ziyoda entikib-entikib nafas oldi. Koʻylagi yoqasini ochdi.

Tirsagi bilan qayragʻochga suyandi. Qayragʻochgada ogʻirlik qildi. Qayragʻoch qayishib ketdi.

Yurdi-yurdi, tutga suyandi. Chakkasini tut tanasiga qoʻydi. Koʻzlarini yumdi.

Ochiq derazadan onasi ovoz berdi.
— Ay, Tursun-uv, qaerdasan, otang chaqiryapti! Daho ichkariladi.
— Otang, Tursun ulim oyogʻimni uqalasin deyapti, — dedi onasi.

Daho bosh irgʻab choʻk tushdi.

Koʻrpa ostiga qoʻl tiqib paypasladi. Otasi oyoqlarini topdi.

Zuvalasi pishiq otasi qoqsuyak boʻldi-qoldi!

Daho, otasi oyoqlarini ohista-ohista uqaladi.

Baquvvat qoʻllar muolajasi darmon boʻldi shekilli, otasi koʻzlarini ochdi. Oyoqlari tarafda choʻkkalab oʻtirmish oʻgʻilga qaradi. Nimadir demoqchi boʻldi. Ammo tomogʻiga bir nima tiqildi. Ovozi ichiga tushib ketdi.

Zoʻr berib ogʻiz juftladi. Tagʻin boʻlmadi.

Kampiri ogʻziga suv tomizdi.

Serjant Orziqulov bilinar-bilinmas yutindi. Koʻzlarini yumib ochdi. Gapirish uchun chogʻlandi. Lablarini qimirlata oldi, ammo ovozini koʻksidan koʻtara olmadi.

Odam ovozi ogʻir boʻladi, zilday ogʻir boʻladi!

Serjant Orziqulov chiroq tegrasida aylanmish kapalakka termulib qoldi.

Onasi uzaldi. Deraza pardani surdi.

Serjant Orziqulov derazaga qaradi.

Osmon osti tobora oqarib keldi.

Xoʻrozlar qichkirdi. Buzoqlar ma’radi.

Serjant Orziqulov jonlandi. Yuzlari xiyol yorishdi. Eshitilar-eshitilmas pichirladi:
— Poda vaqti boʻldi shekilli...

Serjant Orziqulov oʻgʻliga termuldi.

Yolgʻiz oʻgʻil qishloqdan ketib qoldi. Ota bagʻridan ketib qoldi. Farzand shu-da. Avval-avval, ota oʻgʻli boʻladi. Keyin-keyin, el oʻgʻli boʻladi. Yurt oʻgʻli boʻladi. El-yurt tashvishlari bilan yuradi.

Yolgʻiz oʻgʻil oʻjar boʻldi. Yolgʻiz oʻgʻil chars boʻldi.

Ana, oʻsib-undi. Katta-matta odam boʻldi. Oti nima edi... Ha-ha, shoiri zamon Pahlavon Daho boʻldi.

Bordi-yu, ish buyursa, ota gapini olmadi? Kim biladi, shoiru zamon...

Shunday boʻlsa-da, bir aytib koʻradi. Farzandga ish buyurishning otalik gashti boʻladi.

Kim biladi, oxirgi marta ish buyurishi boʻladi...
— Tursun ulim, mollarni podaga haydasang boʻlardi...

Daho bosh irgʻadi.
— Xoʻp, paxan, xoʻp, — deya joyidan koʻzgʻoldi.

72

Daho ogʻilxona taraf yurdi.

Yogʻoch panjarali daricha oldiga keldi. Daricha uchiga qoʻlini qoʻydi. Ogʻilxonaga nazar soldi.

Xolasi choʻnqaydi. Dokadan sut suzdi.

Dimogʻi endi sogʻilmish sut hidini tuydi.

Ketidan onasi keldi. Onasi daricha zulfinini oldi. Ogʻilxonaga yurdi. Xolasi qoʻlidan sutni oldi.
— Ha-a, darrov sogʻib boʻldingizmi? Aylanayin-da, sizdan, — dedi.
— Anavi ola govmishingiz mol emas ekan, ostiga yoʻlatmadi.
— Aytdim-ku sizga, birovini sogʻsangiz boʻladi deb. Ola govmish podaga koʻshilmaydi, birday uyda yotadi. Mendan boshqani yaqiniga yoʻlatmaydi. Tursun ulim-a, xolang aytgan anavi ola govmishni qoldir-da, manavisini podaga qoʻshib kel. Ola govmishni hali oʻzim sogʻib olaman.

Daho tevarakka alangladi. Biron-bir xivich izladi.

Shunda, bostirma burchagida yotmish tayoqqa koʻzi tushdi. Borib oldi. Koʻzlariga olib keldi.

Serjant Orziqulov zarang tayogʻi! Burchakda yota berib, chang bosibdi. Zarangligida bilinmay qolibdi.

Daho zarang tayoq changini kaftlari bilan sidirib tashladi. Kaftlarini bir-biriga urib qoqdi.

Zarang tayoqqa suyandi. Peshonasini qoʻllari ustiga qoʻydi.

Daho arosatda qoldi. U podaga mol haydaydimi? Shoir Pahlavon Daho-ya? Koʻrganlar nima deydi? Pahlavon Daho kim degan odam boʻladi?..

Daricha gʻiyqillab ochildi.

Daho bosh koʻtarib qaradi. Jiyanini koʻrdi.

Jiyan, togʻasi podaga mol haydashiga koʻzi yetmadi shekilli, oʻzi keldi.

Hovli darvozasini ochdi. Mol boʻynidan arqonni oldi. Zarang tayoqqa qoʻl uzatdi.

Daho tayoqni bermadi. Oʻrgimchak in qoʻymish yogʻoch koʻziga tikildi. Oʻylab qoldi. Yo, jiyaniga tayoqni bersinmi? Otasi bilib oʻtiribdimi? Yoʻq, yoʻq...
— Yoʻq, oʻzim boraman. Paxan... yoʻq, otam aytdi, — dedi dimogʻida.

Daho darvoza sari yurmish molga ergashdi.

Vo ajab, tayoqni qanday ushlar edi? Otasi qanday ushlar edi?

Eslay olmadi.

Zarang tayoqni yerga sudrab yurdi. Yoʻq, yarashmadi.

Xuddi ketmon koʻtarmishdayin yelkasiga qoʻydi. Bir uchidan qoʻshqoʻllab ushladi. Yelkasi osha tayoqqa qaradi.

Yoʻq, bunisida ep boʻlmadi.

Endi, juzdon misol qoʻltiqlab oldi.

Ana shu ma’qulday boʻldi.

Mol ketidan yurdi. Qadamidan chang oʻrladi.

Yerdan suv sepilmish tuproq isi keldi.

Daho qishloq etagida tosh qalab oʻralmish podayotoqqa keldi. Bir chetda toʻdalanib tortishmish odamlarni koʻrdi.

Daho iziga qayrildi.

Shunda, odamlar Dahoni koʻrib qoldi. Bari shu yoqqa qarab yurdi.

73

Daho dovdiradi-qoldi.

Koʻltiqlamish tayoqni ketiga yashirdi.

Yuzlari lovv qizidi.

Serrayib qoldi.

Oldinda kelmish odam keskin qoʻl siltab aytdi:
— Boqmayman dedimmi, boqmayman!
— Axir, oʻzimiz kelishib edik-ku, serjant Orziqulov oyoqqa turguncha galma-gal boqamiz deb. Gaplaringda turinglar-da, endi!
— Qosim, sadagʻang ketayin, bugun sen boq!
— Tunov kuni ishga bormay poda boqqanim uchun hisobchi bir kunlik ish haqimni qirqib tashladi, boʻldi-da!
— Nima gap? — dedi Daho.
— Siz soʻramang, biz aytmaylik!
— Otangizning boshlari yostiqqa tekkandan buyon kunimiz shu! Hozirning oʻzidayoq yigirmadan oshiq odam molini bozorga sotib keldi!
— Joniga tekkandan keyin shu-da!
— Anavi Sodiqov muallim gali kelganda poda boqishga or qilib, sigirini soʻyib sotdi!
— Toʻgʻri-da, diplomi boʻp turib poda boqadimi!
— Yaxshimi-yomonmi, bir ustalning egasi!
— Oʻzi, zamon biror ustalni egallaganniki boʻp qoldi!
— Ustallar koʻpayib ketdi...

Daho koʻngliga gap tugul, qil sigʻmadi. Tezroq iziga qaytgisi keldi.
— Raisga boringlar, raisga, — dedi.
— Raisga necha marta aytdik, podachi tayinlang deb! Rais odamlarda yigʻiladigan puldan boshqa oylikda tayinladi. Hech kim rozi boʻlmadi! Oʻzingiz bilasiz, zoʻrlab ishlatishni zamon koʻtarmaydi!
— Rais Jonibek kalga aytibdi. Kal, bir kamim endi molga ergashib yurishmi, depti!
— Ortiq soqovgada aytibdi. Soqov, qoʻlini mana bunday qilib koʻrsatibdi, men traktor haydayman, depti!
— Xoʻp, podani qaerda boqasan? Tevarak-boshing paxta, imorat...
— Chini bilan bir qarich boʻsh yer qolmabdi-e.
— Dala chetlari-chi?
— Paxta hasharotiga qarshi dori sepilgan, molingdan ajramoqchi boʻlsang boq!
— Yaxshisi, podani tarqatib yubora qolaylik!
— Ogʻzingga tosh-e!..
— Yaxshisi, bunday qilaylik. Mana, hammamizning ulimiz bor, birortasining boʻyniga qoʻyaylik, tamom!
— E, ular oyni koʻzlab turibdi!
— Mening ulim paylasup boʻlmoqchi! Manavi Joʻravoyning uli boqmasa!
— Ulimni hozir Toshkentdan topasiz, u prokurorlikka hujjat topshirgani ketdi!
— Mening ulim, hech boʻlmasa oshpazlikka oʻqiyman deb yuribdi!
— Xoliqboy, kenjangiz ikki yildan buyon oʻqishga kirolmay kelyapti, shuni bir aldab koʻring!
— Enagʻarga aytdim, koʻnmayapti-da! Podachi boʻlsa, qizlar qaramas emish!
— Shunday dedimi? Chin-da, hozir diplom boʻlmasa, qizlar qaramaydi!
— E, bilmay qoldim bu farzandlarni! Maktabni bitiradi-yu, shahar joʻnaydi!
— Ularni qoʻying, mening bir ulim hali ishton kiygan yoʻq, fazogir boʻlaman deydi!
— Shu, fazodayam poda bormikin?
— E-e, boʻlgan bilan bu farzandlar boqmaydi! Oʻsha yoqdayam biror ustalni oladi.

Daho gangib qoldi.

Gʻala-gʻovurdan kishi bilmas sugʻurildi. Ketiga qarab-qarab joʻnadi.

«Nima boʻlyapti oʻzi? Shu oʻzimizning qishloqmi yo boshqa yermi?»;

74

Olam osmonrang boʻldi.

Tong yellari mushk-anbar taratdi.

Daho darvoza boʻsagʻasida oyoq ildi.

Bir koʻngli, ichkari kirayin, dedi. Ichkarida ota yotibdi, koʻngil buziladi, dedi. Bir koʻngli iziga qaytayin, dedi. Qaytib qaerga borayin, dedi.

Daho oʻyladi-oʻyladi, ichkariladi.

Ola govmish oxuriga oyoq qoʻydi. Devorga chiqib oldi. Devorda toʻrt oyoqlab oʻrmaladi. Undan bostirmaga oʻtdi.

Bostirmada yurmish babaq xoʻroz qoqoqlab yerladi.

Daho choʻchib tushdi. Babaq xoʻroz ketidan oʻqrayib qaradi.

Bir siniq qutiga omonat oʻtirdi. Tizzalarini quchoqladi. Koʻzlarini yumdi.

Badani qizidi. Oʻzini hammom bugʻxonasida oʻtirmish his etdi. Mayin havoni hammom bugʻi deb tasavvur etdi. Qoʻllarini yonlariga yoydi. Entikib-entikib nafas oldi. Oyoq-qoʻllarini uqaladi. Koʻkraklarini ohista-ohista siladi. Barmoqlarini botirib-botirib uqaladi.

Boshidan suv quymoqchi boʻldi. Tevaragini paypasladi. Togʻora izladi. Ammo qoʻliga togʻora ilashmadi.

Ana shunda, koʻzlarini ochdi...

Daho entikdi. Koʻngli tagʻinda kenglikni qoʻmsadi, tagʻinda yuksakni qoʻmsadi.

Ketiga oʻgirilib qaradi.

Bostirma usti yarmi sinch tom boʻldi. Sinch tom ustida bir gʻaram xashak boʻldi.

Sinch tom ikki qavatli uyga kelbat berdi.

Daho ana shu tomdagi gʻaramga chiqqisi keldi. Qanday qilib chiqishni oʻyladi.

Yerga qaradi. Bostirmaga tiralmish narvonga koʻzi tushdi.

Yerga uzaldi-uzaldi, narvonni tortib oldi. Sinch tomga tiradi. Bosib-bosib koʻrdi.

Narvondan ohista-ohista yuqoriladi. Ikkinchi qavatga koʻtarildi.

Sinch tom usti yuksak boʻldi, shamolgoh boʻldi.

Daho gʻaram boʻylab oʻrmaladi.

Shunda, chap oyogʻini bir nima tortib qoldi. Daho intildi, ammo oyogʻini tortib ololmadi.

Avaylab enkaydi, oyogʻiga qaradi. Cholvori poychasi narvon mixiga ilashib qoldi.

Daho gʻaramni quchoqladi. Oyogʻini siltab-siltab qoqdi. Boʻlmadi, cholvori poychasini mixdan tortib ololmadi.
— Tfu! — deya narvonni bir tepdi.

Narvon bostirmaga, undan yerga taraqlab tushdi.

Tovuqlar qoqoqladi. Olapar it hurdi.

Daho yerga qarab qoʻl siltadi.

«Oʻlib ketmaydimi. Yuqori koʻtarilib oldim, boʻldi-da»;, dedi.

Chalqancha uzalib yotdi. Oyoq-qoʻllarini bor boʻyicha yoydi. Koʻzlarini yumdi.

Yerdan onasi ovozi eshitildi:
— Ha-a, taraqlagan nima ekan desam, narvon agʻnab ketibdi-da. Eb-ey-eb-ey, esimdan aylanayin-da, govmishim sogʻuvsiz qolibdi-ku...

Qishloq uzra tovushlar taraldi. Xoʻrozlar qichqirdi. Qoʻy-echkilar ma’radi. Mollar moʻngradi. Otlar kishnadi.

75

Tong yonib ketdi.

Daricha gʻiyqillab ochildi.

Daho yerga enkayib qaradi.

Onasi kadini daricha panjarasiga toʻntardi. Qoziqdagi buzoqni qoʻyberdi.

Buzoq irgʻishlab-irgʻishlab oʻynadi. Govmish yeliniga chopdi. Tizzalab choʻkkaladi. Tirsillab turmish-tirsillab turmish yelinni shoʻrpillatib-shoʻrpillatib soʻrdi.

Govmish, buzogʻini yalab-yulqidi.

Onasi vaqti-vaqti bilan buzoqni noʻxtasidan tortib-tortib turdi. Sutdan ayirib-ayirib turdi.

Buzoqni tagʻin qoziqqa qantardi.

Panjaradagi kadini olib keldi.

Tirsillab turmish yelin oldida choʻnqayib oʻtirdi.

Govmish bekasi doka roʻmolini iskab-iskab koʻrdi.

Bekasi govmishi yelinini kaftlariga olib siladi. Yelin uchlarini yerga bir-ikki tortdi.

Yelindan tizillab sut otildi.

Govmish bezovta boʻldi. Bekasini dumi bilan turtdi.
— Bosh-bosh, jonivor, bosh deyman! Boʻlmasa, podaga qoʻshib kelaman!

Bekasi avval-avval dimogʻida aytdi. Aytib-aytib, govmishini sogʻib boshladi:

Izmolida oʻting bor,
Oqar buloq suting bor,
Otli molim, xoʻsh xoʻsh,
Zotli molim, xoʻsh-xoʻsh!
Bekasi oriq barmoqlari govmish yeliniii choʻeib-choʻzib tortdi.

Kadiga tizillab tushmish oppoq-oppoq sut sado berdi: povv-povv-povv!..

Seni haydab boqayin,
Koʻztumorlar taqayin.
Targʻil molim, xoʻsh-xoʻsh,
Govmish molim, xoʻsh-xoʻsh.
Bekasi govmishini qoʻshiqqa soldi, govmishini olqishladi.

Bekasi govmishini suyib-suyib kuyladi, toʻlib-toʻlib kuyladi:

Xoʻsh-xoʻsh deyman, olabosh,
Koʻzing oʻtkir, qalamqosh.
Qalam qoshing suzilsin,
Suting yerga sizilsin.
Govmishi vazmin-vazmin kavsh qaytardi. Quralay koʻzlari mudradi.

Yelinidan quyuq-quyuq, oppoq-oppoq sut tagʻinda tizillab okdi: povv-povv-povv!..

Zotdor ola oting bor,
Qozon-qozon suting bor.
Govmish, sen roʻzgʻorimiz obodi boʻlding, bolalarimiz rizq-roʻzi boʻlding, oqligi boʻlding.

Bolalarimiz uyqudan uygʻonadi. Sut, sut, deydi.

Shunda, bolalarimizga koʻkragimizni beramiz.

Bolalarimiz koʻkragimizni shoʻlp-shoʻlp emadi, choʻlp-choʻlp emadi.

Shunday boʻlsa-da, bolalarimiz baribir... baribir sening sutingni soʻraydi, govmishim.

Sening suting bizning sutimizdanda mazali-da, toʻyimli-da, govmishim.

Mayli, bizning sutimiz qurib qolsa qolsin, ammo sening suting qurib qolmasin, govmishim.

Iy, govmishim, iy!..

Quralay koʻz, xohishim,

Tuyoqlari kumushim.

Govmishim, bilaman, senga qiyin. Tun demayin, kunduz demayin, sut yigʻasan, yeliningni toʻldirasan.

Yelin toʻla sutingni biz sogʻib olamiz. Bizdan qolmishini buzogʻing emib oladi.

Senga boʻlsa, shalviramish yelin qoladi.

Shunday, govmishim, shunday, sen odamzot rizq-roʻzi uchun bino boʻlding, nasibasi uchun bino boʻlding, govmishim.

Iy, govmishim, iy!..

Jonivor, meni koʻrgin,
Kavsh qaytar, jim turgin.
Xurmalarni toʻldirib
Iyib sutingni bergin.
Govmishim, bolalarimiz koʻkraklarimizni hadeb ezgʻilab torta bersa, bizga malol keladi. Boʻlmasa, oʻz bolamiz-a, pushtu kamarimiz-a!

Sening yeliningni boʻlsa bizda soʻramiz, buzogʻingda soʻradi. Senga esa malol kelmaydi, govmishim.

Qulluq senga, govmishim, qulluq!

Ana, tirsillab turmish yelining soʻlib qoldi. Yelinlaringni torta berib-torta berib, qoʻllarim toldi.

Ana, buzogʻing tamshanyapti, senga talpinyapti...

Sen bezovtasan, sen alagʻdasan...

Iy, govmishim, iy!..

Kadimni toʻldirarman,
Bolangni kuldirarman.
Olaymagin, jonivor,
Bolangga qoldirarman...
Koʻshiq — qoʻshiqda qoldi, sut — sutda qoldi.

Uy tarafdan jonholat ovoz keldi:
— Oyxol, chop, Oyxol!

Bekasi kadini koʻtarib hadahaladi.

76

Daho qoʻshiqdan karaxt boʻldi.

Koʻzlarini yumib yotdi-yotdi, oʻzini... oʻlik fahmladi!

Qimir etmadi. Xayolan jonini izladi. Izladi-izladi, topolmadi.

Ich-ichidan hayron boʻldi. Qoʻzlarini nim ochdi. Koʻzlari moviy-moviy olam koʻrdi. Koʻzlari qirmiz-qirmiz rang koʻrdi.

«Anavi moviy olam, lojuvard osmon. Qirmizrang quyosh nurlari, — deya xayollandi Daho. — Demak, oʻlmabman. Oʻlik odam koʻrmaydi. Oʻlik odam dunyoni his etmaydi»;.

Daho koʻkraklarini ushlab-ushlab koʻrdi. Boshlarini ushlab-ushlab koʻrdi.

«Mana, boshim joyida turibdi. Yana-tagʻin, fikrlayapti, — tagʻin xayollandi Daho. — Yoʻq, oʻlmabman. Oʻlik odam boshi fikrlay olmaydi»;.

77

Shunda... shunda, uydan yigʻi keldi:
— Otam-ay, otam-ay!..

Yigʻi avj oldi. Yigʻi hovlini oldi.
Daho ana shunda oʻziga keldi!
Dirk etib oʻtirdi. Uy tarafga olazarak boqdi.
Xayolida, narvon joyida boʻldi.
Xashakni quchoqlab uzala tushdi. Oyoqlarini qoʻshiq aytilmish yerga uzatdi.
Oyoqlari yerga yetmadi!
Ona Yer olis boʻldi!
Sut qoʻshigʻi olis boʻldi!
Oyoqlarini likillatdi, oyoqlarini tipirlatdi, oyoqlarini salanglatdi.
Oyoqlari yerni topolmadi!
Momo Yer yoʻq boʻldi!
Sut qoʻshigʻi yoʻq boʻldi!
Nazmboz boʻlmishdan buyon intilib kelmish, nazmboz boʻlmishdan buyon talpinib kelmish osmonga qaradi.
Osmon olisdan-olis boʻldi!
Momo Yer osmondanda olis boʻldi!.
Pahlavon Daho muallaq qoldi.

1985