OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTogʻay Murod
Asar nomiOt kishnagan oqshom (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Togʻay Murod
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm211KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/12/12
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ot kishnagan oqshom (qissa)
Togʻay Murod

Muallifdan

Bu qissalar ne bir kunlarni koʻrmadi!

Zoti nomard boʻldi, ushbu qissalar yoqasidan oldi. Ogʻzi buzuq boʻldi, ushbu qissalarga tupugini sochdi. Qoʻli nopok boʻldi, ushbu qissalardan butun-butun boblarni oʻchirib tashladi.

Oqibat, ushbu qissalar oʻz vaqtida pati yulinmish tovuq misol chop etildi.

Alqissa, dorilomon kunlar keldi. «Ot kishnagan oq­shom»dagi Ziyodulla chavandozchasiga aytar boʻlsak... uloq Togʻay Murodda ketdi!

1

Birodarlar, koʻrgilik, koʻrgilik!

Bir erta uygʻonib, kallamga qoʻl yugurtirdim. Sochlarim orasida yara-chaqalar uch berdi. Par¬voyim falak boʻldi, yura berdim. Onamga-da aytmadim.

Chaqalar kun sayin bolaladi. Katta-katta boʻldi. Qoʻtir boʻlib qichidi.

Shunda, qishlogʻimiz doʻxtiriga bordim. Doʻxtir fu, deya aftini burishtirdi. Yurchidagi kalxonaga olib joʻnadi.

Yoʻlda mashinadan tashlab qochdim. Ushlab kelib, yana mashinaga bosdi.

Kalxonada... Uh, aytgili yoʻq. Doʻxtir degani berahm ekan. Onamni koʻrdim, birodarlar, onamni...

Bari kalga qaytadan jingala soch bitdi. Mening kallam yaltirab qoldi. Bitta-da soch bitmadi! Doʻxtirlar ajablandi, kamdan kam uchraydigan voqea, dedi. Xoʻrligimdan yigʻlab-yigʻlab uyga keldim.

Onamiz tap-taqir kallamni ushlab-ushlab koʻrdi. Ich-ichidan kuydi. Aytib-aytib yigʻladi.
— Kambagʻalni tuyaning ustida it qopadi, degani shu-da, — dedi.

Katta telpak sotib oldim. Qishin-yozin quloq¬larimgacha bostirib kiyib yurdim. Maktabda-da telpagimni olmadim.

Matematika muallimimiz oyogʻini tirab talab etdi:
— Bosh kiyimingni olmasang, dars oʻtmayman!— dedi.

Old qatorda oʻtirgan sinf oqsoqolimiz muallimga bir nimalar dedi. Ammo muallim oʻz soʻzida turdi:
— Oʻquvchi darsda yalangbosh oʻtirishi lozim! Qoida shunday!

Telpagimni kallamga bosib ushladim.
— Oʻquvchi Qurbonov, senga aytyapman!

Miq etmadim. Muallimimiz telpagimni boshimdan yulib oldi. Derazadan tashqariga otib yubordi.

Sinfimiz bolalar kulgisidan zirillab ketdi. Bolalar kallamni oftobga mengzab qiyqirdi:
— Ura-a-a, kun chiqdi!

Kallamni qoʻllarim bilan yashirdim, hoʻngrab yigʻladim. Siyohdonni olib, muallimning yuziga otdim. Tegmadi. Keyin, tashqari otildim. Mak¬tabdan qochib ketdim.

Yana qaytib maktabga oyogʻimni bosmadim. Direktor bilan sinf rahbarimiz kelib tavallo qildi. Onamiz aldab-avradi. Baribir maktabga bormadim.

Beshinchi sinf kallam bilan qoldim.

2

Odamlar meni kal deydigan boʻldi! Ziyodulla kal emish! E, tavba-e, tavba-e!

Avval-avval uyatdan quloqlarimgacha lovullab yondim. Koʻnglim oʻksidi. Keyin-keyin botmaydigan boʻldi. Kal soʻzi koʻnglimga singdi. Quloqlarim kalga oʻrganib qoldi.

Endi, Ziyodulla kal, demaydiganlardan oʻpka¬ladim. Ayniqsa, pochtachidan hafsalam pir boʻldi. Qachon koʻrsa oʻrtoq Qurbonov, deydi. Gʻashim keladi. Meni mayna qilayotganday tuyuladi.

Bir safar jerkib tashladim:
— Nimaga meni oʻrtoq Qurbonov deysiz? Men bir amaldormidimki, yo, diplomim bormidiki, oʻrtoq Qurbonov deysiz? Bor-yoʻgʻi beshinchi sinf kallam boʻlsa. Koʻp mayna qilmang, sochim boʻlmasayam tarogʻim tillodan!
— Boʻlmasa nima deyin?
— El qatori Ziyodulla kal deya bering. Oʻz otim oʻzim bilan...

Xudoga shukur-e, endi pochtachi-da kal deydigan boʻldi! Diplom soʻramaydigan turli ishlarda ishladim. Qorovul boʻldim, goʻloh boʻldim. Oxiri podachi boʻldim. El qoʻyini boqdim.

Adirlarda qoʻy boqib, nay chaldim. Nafasim yetmay qoldi. Shunda, eski bir doʻmbira topdim. Doʻmbiramni sayratdim, bepoyon adirlar, yoyilib oʻtlayotgan qoʻylar, choʻqqilar uchida uzmay chugʻurlayotgan qushlar, pagʻa-pagʻa oppoq bulutlarga qarab doston aytdim. Bu dostonlarni toʻylar, olis yaldo kechalari bobolarimiz biri qoʻyib biri aytar edi. Bobolarning koʻplari rahmatlik boʻldi. Rahmatliklarday doston aytib boʻlmaydi. Bizniki, baholi qudrat...

3

Birodarlar, siz soʻramang, men aytmayman... Oti Momosuluv emish. Yuzlari kulchadaymi, yo, su¬luvmi? Koʻzlari qorami, yo zigʻir gulidaymi? Qosh¬¬¬lari quyuqmi? Quyuq boʻlsa, qayrilmami? Ke¬chasiligidan koʻrmas emishman, bilmas emishman.

Koʻroydin emish. Momosuluvlar koʻchasida telba boʻlib yurar emishman. Bir nima yoʻqotganday tentirar emishman. Yoʻl chetidagi toshga choʻnqayibman, kaftlarimni iyamgimga tirabman. Oyga mahliyo boʻlib-mahliyo boʻlib termilibman. Oyning beti kir emish. Oyga sonsiz oshiqlar mahliyo termildi. Oy qaysi oshiqqa bir oʻpich berdi? Oy qaysi oshiqqa vafo qildi?

Oyga qoʻl siltab, oʻrimdan turibman. Momo¬suluvlar devoridan oshibman. Iti yoʻq emish. Daraxtlar panalab, derazasiga termilibman. Olma¬laridan uzib-uzib yebman. Keyin, ayvoniga, undan ichkariga kiribman. Timirskilanib, toʻshagini to¬pibman. Momosuluv uygʻonib ketibdi, chirillayman, ket, debdi. Men yolvoribman. Qoʻlimni uzatib¬man. U qoʻlimni qaytarib, oʻzimga suribdi. Keyin, Momosuluvning qoʻyniga kiribman!

Birodarlar-e, jamiki olam bir taraf, qoʻyin deganlari bir taraf ekan! Ahay-ahay!

Boriga shukur qilsam boʻlmasmidi? Tek yotsam boʻlmasmidi? Qoʻyniga qanoat qilsam boʻlmasmidi?

Men tinmas, Momosuluvning koʻngliga-da kiribman! Oshiqona-oshiqona qadamlar bosib, koʻnglini ovlabman. Zim-ziyo bir olam emish. Tevarak huvillab yotarmish. Qimirlagan jon yoʻq emish. Erkak zotining oʻzi tugul, izlari-da yoʻq emish. Be¬hishtday bir olam emish.

Tevarakka alanglab, kular emishman: ushbu behishtga mendan oʻzgalar kelmabdi!

Koʻnglimni zoʻr bir xushvaqtlik qitiqlar emish: ushbu behishtga birinchi boʻlib men qadam qoʻyibman! Ahay-ahay!

Koʻzimni ochsam uy zimiston, bolishni qu¬choqlab yotibman.

Uyqum qochdi. Uyqumni quvalab, shiftga qarab yotdim. Chin, qishlogʻimizda shunday qiz bor. Oti Momosuluv.

4

Ertalab ta’til qildim. Belimga tushlik oʻradim. Zarang tayogʻimni oldim.

Elburutdan podayotoqqa bordim. Bir toshga yonboshlab oldim.

El qoʻy-echkilarini haydab keldi. Shunda... shunda, u-da keldi!

Men oʻrnimdan turib qaradim. Xayolimda, yuzlarim lovullab qizidi.

U qoʻlidagi xivichni qoʻylari ketidan otib yubordi. Iziga qayrilib ketdi. Menga qayrilib-da qaramadi. Ajabo, u kecha meni koʻrdimikin? Uyalganidan tez qayrilib ketdimikin?

Birodarlar, shu qiz koʻz oldimdan ketmay qoldi! Kechasi-da, kunduzi-da! Shu qizga sovchi qoʻydim!
— Tegmayman, kallasi kal, — debdi.

Yo, pirim-ey, yo pirim-ey! Kal boʻlsa nima boʻpti? Gap jundami? Junda aql bormi, xohlagan yeriga bita beradi-da. Birovga quyuq bitadi, birovga siyrak bitadi. Yana birovga bitta-da bitmaydi. Bu yaratganning ishi-da!

Jun ekish dehqonchilikmidiki, ayb boʻlsa! Ana, kallasiga jun ekmadi, eksa-da, sugʻorib, parvarishlamadi, oqibat, qurib qoldi, desa. Mayli, ana unda meni kamsitsin. Ziyodulla kalda erkaklik uquv yoʻq, mushtday kallasiga jun ekib ololmadi, desin. U yaxshi er boʻlmaydi desin...

Men baribir shashtimdan qaytmadim. Sovchini bosib qoʻyaberdim.
— Aytib qoʻyinglar, men hali ot olib, koʻpkari chopaman! — dedim.

Momosuluv noz qilib-qilib, oxiri koʻndi!

Toʻy-tomosha boʻldi. U mastona-mastona qadam qoʻyib, chimildiqqa kelin boʻlib kirdi. Men mardona-mardona odim qoʻyib, kuyov boʻlib kirdim.

Momosuluvga koʻrgan tushimni aytib berdim.
— Sen ham shunday tush koʻrib edingmi? — dedim.
— Koʻrib edim, — dedi.
— Chiningni ayt, — dedim.
— Chinim, — dedi. — Lekin, taniyolmay qolib edim, chiroq oʻchiq edi, — dedi.
— Oʻsha men edim! — dedim, koʻkragimga urdim.
— Siz ekanligingizni bilib tegdim-da, — dedi.
— Ahay-ahay! — dedim.

Birodarlar, Momosuluv tushimda. Choʻlpon edi, hushimda Oy edi, qoʻynimda Oftob boʻldi!

5

Bir suruv qoʻy sotdim. Pulini belimga oʻradim. Namoz chavandozni oldimga solib, Oboqliga joʻnadim.

Birodarlar, bizning Surxonda mana bunday gap bor: ot olsang, Oboqlidan ol, ayol olsang, Irgʻalidan ol!

Buning magʻzi shuki, ot deganlari dev! Ot bepoyonlikni deydi. Ot masofa nimaligini bilmaydi. Ot qahraton qishda-da dasht-biyobonlarda chopib oʻsadi. Ana shunda dirkillagan ot boʻladi! Qoʻl¬tiqlari choʻziladi, koʻkraklari enlik boʻladi! Uchqur keladi! Bedov ot boʻladi!

Oboqli ana shunday dasht!

Irgʻali deganida qiz bor! Irgʻalining qizlari zuvalasi pishiq keladi. Kiymagani yettinchi kalish kiyadi! Barining beli baquvvat, boʻlimli boʻladi. Irgʻalining qizlarini quchoqlasa, qoʻyin toʻladi! Irgʻalining qizlari koʻrgan farzand-da alpomish-kelbat boʻladi. Boisi, Alpomish ayni shu Irgʻalida oʻtgan-da!

Ana, bildingizmi, elning gapi qayoqqa bora¬yapti?

Men ikki kun ot sayladim. Oboqli dashti gala-gala ot! Dasht changitib chopib yuribdi! Bir yashar qulunlar, uch yashar toylar, toʻrt yashar gʻoʻnonlar, besh yashar doʻnonlar!

Sagʻrisiga uy tiksa boʻladigan baytallar! Haybatli aygʻirlar!..

Birovini ushlab, old tuyoqlarini juftladim. Tuyoqlari orasidan musht urdim. Mushtim oʻt¬madi. Bordi-yu oʻtsa, yaxshi ot boʻladi. Qoʻyib yubordim. Yana birovini koʻrdim. Durustgina-yu, faqat qorni yoʻq. Bor boʻlsa-da, juda tor. Buniyam qoʻyib yubordim, boʻlmaydi!

Birodarlar, ot olsang, hoʻkiz qorindan ol, hoʻkiz olsang, ot qorindan ol!

Orqa kezanagi bolaning bilagiday boʻlib turadigan ot yaxshi keladi. Shundayini izladim. Yoʻliqmadim. Qopqogʻi enlik ot-da yaxshi boʻladi. Bundayinga-da koʻzim tushmadi.

Galani aylanib yurdim. Bir boʻzga koʻzim tushdi. Shuni ushladim. Tishlarini koʻrdim. Yoshi yettida boʻlsa-da, hali oziqli tishi chiqmabdi. Aslida, besh yoshida chiqadi. Demak, endi chiqmaydi. Oziq tishsiz ot xosiyatli ot boʻladi!

Birodarlar, shu boʻzga dil ketdi!

Uch mingni naqd sanab berdim. Boʻzni minib keldim.

Omborxona oldidagi ustaxonaga olib bordim. Boʻzga burov soldim: ipga tayoqcha bogʻladim, tumshugʻidan oʻrab buradim. Burov tayoq boʻz tumshugʻiga botdi. Boʻzni qimirlatmay qoʻydi.

Usta boʻz oyoqlariga nagʻal qoqdi.

Birodarlar, asov otni taqa toʻxtatadi!

Hovli chetida oxur qildim. Boʻzni shu oxurga bogʻladim.

Onamiz norozi boʻldi. Beti burishib-burishib ogʻrindi. Labini burib mingʻilladi:
— Otim nimam... otdan mashina yaxshi... — dedi.
— Mashinam nimam? Oti borning — qanoti bor, — dedim.
— Otga yemish qani...
— Yemish? Xudo har jonivorni oʻz rizqi roʻzi bilan yaratadi. Ot bitdi — qanot bitdi. Yemish to¬piladi.

Birodarlar, mashina deganlari temir! Joni yoʻq! Joni yoʻq temir odamga el boʻlmaydi! Temirning yuragi yoʻq-da! Ot odamga el boʻladi. Boisi, otning joni bor, yuragi bor-da!

6

El menga-da burnini jiyirib qaradi, otimgada burnini jiyirib qaradi. El, ogʻzini ushlab kuldi, piq-piq kuldi, qoʻli bilan koʻrsatib kuldi, pana-pa¬nalarda kuldi.

Bildim, el, Ziyodulla kal, otangni koʻrdim — ahmadi forigʻ, onangni koʻrdim — tovoni yoriq, koʻrpangga qarab oyoq uzat, dedi. Oʻzing bir sagʻir boʻlsang, senga kim qoʻyibdi otni, dedi. Yana tagʻin kal boʻlsang, kalga otim nimam, dedi. Kalga eshak ham boʻladi, dedi.

Birodarlar, el shunday! El ogʻziga elak tutib boʻlmaydi! Odamzot shunday! Bor boʻlsa, koʻrolmaydi, yoʻq boʻlsa, berolmaydi!

Shunday ekan, odam boʻlaman desangiz, el ogʻziga e’tibor bermang! Odam boʻlaman desangiz, el gapiga parvo qilmang! Ammo beparvo-da boʻlmang!

Birodarlar, ot azzancha xosiyatli boʻlsa-da, azzancha fahm-farosatli boʻlsa-da, azzancha xushsuvrat boʻlsa-da, baribir, ot, oʻz oti oʻzi bilan ot! Toʻrt oyoqli jonivor! Dumli hayvon!

Dunyoda nima moʻl, toʻrt oyoqli jonivor moʻl! Duch kelmish toʻrt oyoq jonivorni qanday boʻlsa, shundayligicha el orasiga olib kirib boʻladimi? Boʻlmaydi! Qanday boʻlsa, shundayligicha el qilib boʻladimi? Boʻlmaydi! Avvalambor, toʻrt oyoqli jonivorni ot qilmoq lozim!

Toʻrt oyoqli jonivorni ot qilishning oʻzi boʻlmaydi. Dumli hayvonni odamga el qilish barchaning-da qoʻlidan kelmaydi!

Toʻrt oyoqli jonivorni ot qilish uchun, avvalambor, koʻngilda boʻlmogʻi lozim! Avvalambor, badanda boʻlmogʻi lozim!

Barakalla! Bor-da, badanda bor-da! Koʻngilda bor-da! Shu boisdan ot oldim-da! Ahay-ahay!

Dostonchi doston aytadi. Xato aytsa, shartta bas qiladi. Boshqatdan, tuzatib aytadi.

Shoir kitob bitadi. Kitobida bir joyi yoqimsiz boʻlsa, shoir qalam bilan shartta-shartta oʻchiradi, yoqimli qiladi.

Rasmchi surat chizadi. Suratda odam qoshi qoshday boʻlmadi. Ot yoli yolday boʻlmadi. Qiyomiga kelmadi. Rasmchi darhol odam qoshini qoshday qiladi, ot yolini yolday qiladi.

Chavandoz boʻlsa, otni tuzatolmaydi!

Toʻrt oyoqli jonivor ot boʻlayotib... ha-ha, ot boʻlayotib... nima fe’l-atvor topsa, shu fe’l-atvorida qoladi. Nima qiliq topsa, shu qiligʻida qoladi. Nima koʻrsa, nima bilsa, nima oʻrgansa, barcha-barchasi tanasida qoladi, miyasida qoladi.

Ana shundan keyin chavandoz otni tuzataman desa, oʻziga javr qiladi. Otni tuzatib boʻlmaydi!

Birodarlar, sara ot, chavandoz aql-zakovatidan bino boʻladi! Sara ot, chavandoz qalb qoʻridan bino boʻladi!

Shu bois, boʻzni tarbiyalay berdim, kecha-yu kunduz tarbiyaladim. Zoʻr berib tarbiyaladim. Qanday qilib tarbiyaladim? Aytmayman, birovlar bilib qoladi, aytmayman...

7

Birodarlar, boʻz ot qanday boʻladi? Surpday oppoq boʻladi! Bordi-yu, ajdodida boʻlsa, toʻqqizga toʻlganda tarlon boʻladi. Toʻqqiz yoshida boʻzning badanida xolday-xolday qora donalar paydo boʻladi. Shundan boshlab u boʻz emas, Tarlon ot boʻladi. Tarlon — xol-xol ot! Tarlon — otlar sarasi!

Birodarlar toʻriq otning yuzdan biri yaxshi boʻladi, tarlon otning yuzdan biri yomon boʻladi!

Birodarlar, ot tanimasang, Tarlon ol!

Bizning boʻz toʻqqizga toʻldi, toʻqqizda boʻldi. Shunda... shunda, bir orzum, oʻn orzu boʻlib bola¬la¬di. Bir quvonchim oʻn quvonch boʻldi!

Birodarlar, boʻz otim — Tarlon boʻldi! Men Tarlon otli boʻldim!

Otning sarasi menda, quling oʻrgilsini menda!

8

Tarlonni qora ishlarga solmadim. Adirlarda oʻynoqlatib mindim. Oʻynoqlatib-oʻynoqlatib qoʻy boqdim.

Shunday bir kunda kolxoz raisi shofyori ot choptirib keldi. Uni rais yuboribdi. Borib, Ziyodulla kalni olib kel, debdi. Radiodan odam kelibdi. Eng yaxshi podachini ayting, radioda chiqaraman, debdi. Shunda, rais meni aytibdi.

Avval-avval ishonqiramadim. Shofyorga sin¬chik¬lab qaradim. Chin gapga oʻxshadi. Shundan keyin qoʻylarni shu yaqindagi Asad choʻponga tayinlab keldim.

Oʻzimda yoʻq xushvaqt boʻldim. E, yashang-e, rais aka-e, dedim. Bizga oʻxshagan kallarning yaltiroq boshiga-da oftob chiqsin debsiz-da, dedim. E, shop moʻylovingizdan-e, dedim.

Yoʻlda uyimizga tushdim.

Hali tutilmagan beqasam choponimni kiydim. Telpagimni kiydim...

Binoyiday orasta boʻldim.

9

Tarlonni idora oldiga bogʻladim.

Doʻmbira, tushlik solingan xurjunni yelkamga tashladim. Asta-asta ichkariladim.
— Assalomu alaykum! — dedim.
— Aha, keling uka, keling.

Gilamdan avaylabgina yurdim. Toʻrdagi nimkatda yalpayib oʻtirgan odam bilan qoʻshqoʻllab koʻrishdim.

Darrov tanidim, bu oʻzimizning qishloqlik Rixsiev boʻldi.

Men qaerga oʻtirishimni bilmay kalovlandim. Rixsiev barmogʻini nish qilib joy koʻrsatdi.

Xurjunimni derazaga qoʻydim. Omonatgina oʻtirdim. Soʻrashayin degan maqsadda Rixsievga qaradim.
— Aha, familiyangiz nima edi, uka? — soʻradi Rixsiev.
— Ziyodulla kal! — dedim.
— Aha, ha-ha-ha! Yoʻq, familiyangiz? Qur¬bonov? Aha, yaxshi, yaxshi! Sogʻliq qalay, oʻrtoq Qurbonov? Otday boʻlib yuribsizmi?
— Shukur muxbir aka, shukur. Otday boʻl¬masakda, yuribmiz. Ishqilib, birnavi. Oʻzingiz qanday, bardamginamisiz? Bolalar chopqillab yuribdimi? Qachon boʻlsa, sizni maqtayman. Mana, bizdan-da yozadiganlar chiqdi deyman.
— Rahma-a-at, rahma-a-at. Gap bunday, oʻrtoq Qurbonov, men, siz haqingizda radioocherk yozaman!
— Eb-ey, u nima deganingiz, muxbir aka?
— A? Ha-ha-ha! Ha, oʻrtoq Qurbonov, oʻrtoq Qurbonov! Shunaqa janr bor! Aha, publitsistik janr! Bunda qahramonlar madh etiladi!
— Ha-a, xayriyat-e. Men yomon gapmikin debman. Endi, men sizga aytsam, biz unga arzimaymiz-da, muxbir aka.
— Aha, yoʻlini qilib arzittiramiz-da, oʻrtoq Qurbonov. Oʻzimizning qoʻlimizda-yu. Mana qogʻoz, yozing. Ruchka yoʻq? e, chatoq-ku.
— Bizda tayoqdan boshqa nimayam bor, muxbir aka.
— Xoʻp, mana, ruchkayam berdim. Qani, boʻling. Ungacha reportyorni tayyorlab turaman.
— Shu, muxbir aka, xatimiz bundayroq. Beshinchi sinf kallamizga yarasha. Siz soʻrang, men aytayin.
— Yoʻq, yozing. Ogʻzingizga kelganini pala-partish gapirasiz, uni borib, montaj qilishni aytsangizchi! Yozing: «Quyosh zarrin kokillarini yoyib, ufqdan bosh koʻtardi...» Yoʻq, oʻchiring. Badiiy qismini oʻzim yozaman, sizga ogʻirlik qiladi. Aha, boshladik: «Bolaligimdan choʻpon boʻlish orzum bor edi. Shu orzu meni choʻponlikka chorladi. Maktabni bitirib, qalb amri bilan kolxozda qoldim. Mana, hozir javlon urib meh¬nat qilmoqdaman...» Aha, endi plan, majburi¬yatlarni yozing. Kim bilan sotsialistik musobaqa oʻynagansiz? Ana shuni yozing. Keyin, har bir sovliqdan qoʻshimcha qanchadan qoʻzi olmoqchisiz? Ana buni yozing!
— Muxbir aka, men el qoʻyini boqaman, chakana choʻponman.
— Aha, shundaymi? Obbo-o, rais doʻppi olib kel desa, boshni olib keladiganlardan ekan-da. Xoʻp, yozavering-chi. Mehnatlaringiz taqdirlanganmi?
— Esa-chi, muxbir aka, esa-chi. Raisimiz har koʻrganda toʻxtab, koʻrishib-soʻrashadi. Rahmat, uka, rahmat, deydi. Elning xizmatini qilyapsan, deydi. Yelkamga qoqib-qoqib qoʻyadi.
— Ha-ha-ha! Bori shumi? Ha, oʻrtoq Qurbonov, oʻrtoq Qurbonov! Bular abstrakt gaplar! Ra¬dio¬ocherkka konkret faktlar kerak! Ordenlar! Medal¬lar! Yorliqlar!... Hmm, boʻpti, oʻrtoq Qur¬bonov, sizga ruxsat.

Qalamni Rixsievga uzatdim. Qulogʻimning ketini qashidim. Magnitofonga qaradim.
— Muxbir aka, xabaringiz bormi-yoʻqmi, uncha-muncha doston aytib turaman.
— Aha, shundaymi?
— Ota-bovamizning hunarini yerda qoldirmayin deyman-da. Kalning nimasi bor, temir tarogʻi bor. Ana, ana, doʻmbiram bor.
— Aha, hunarni asrabon netgumdur oxir, olib tuproqqamu ketgumdur oxir! Alisher Navoiy!
— Oʻlmang!

Joʻshib ketdim. Doʻmbiramni olib dostonimni boshladim. Dostonimda bir hovliga kelin keldi. Hovlida gulxan yoqildi, chanqovuz chalindi. Kelin otda keldi. Ot olovni bir aylandi. Ot doston boʻldi. Boli boli boling bor,
Ming tumorli noring bor,
Jasadingga qarayman
Chopadigan holing bor.
— Malades, oʻrtoq Qurbonov, malades. Aha, endi, chanqovuz, gulxan... eski gaplar, oʻrtoq Qurbonov. Doston, ha, doston! Zamon, davr nafasi yoʻq. Intellektuallik yoʻq, intellektuallik! Koʻrib turibsiz, hozir atom asri. Mana, kosmo¬navtlar yana oyga uchdi... Xoʻp boʻlmasa, oʻrtoq Qurbonov.

Xayr-ma’zurni eshitib eshitmaslikka oldim, bilib bilmaslikka oldim. Doʻmbiramni chuldiratib, doston aytib qoʻyaverdim. Otlardi boqsang qashib boq,
Olisdan suvini tashib boq,
Sira uzmagin yemini,
Yemini yemiga qoʻshib boq.
Bir qiyo boq, ey, umidli dunyo!
— Aha, yaxshi, yaxshi! A-a-auf, chyort, uyqu bosayapti. Nima desak, ekan... otlar... otlar patriarxal hayvon, oʻrtoq Qurbonov. «Otni boqsang qashib boq, suvini tashib boq!» Xoʻsh, nima boʻpti? Ma’lum gap-ku! Albatta otga suv beradi-da, boʻlmasa benzin berarmidi? Qup-quruq didaktika! Xalq ogʻzaki ijodi, ha, xalq ogʻzaki ijodi! Primitiv, primitiv! Intellektuallik yoʻq, intellektuallik! Intellektual problemalar koʻtarilib, ijobiy hal qilinmagan! Ijodingizga muvaffaqiyat, oʻrtoq Qurbo¬nov. Izlaning, koʻproq klassiklarni oʻqing. Aytaylik, Betxoven, Chaykovskiy, Ashrafiy...

Rixsiev qoʻzgʻoldi. Ketar boʻldi.

Shunda, Rixsievlar qoʻyi esimga keldi. Balki, qoʻylari yuzxotirini qilar, degan umidda qoʻylaridan gap ochdim.
— Muxbir aka, qoʻylaringiz yaxshi! — dedim.— Dirkillab-dirkillab oʻynab yuribdi!

Rixsievning yuzlari yorishdi.
— Aha, aytganday, bizning qoʻylar yaxshi yuribdimi, oʻrtoq Qurbonov? — dedi.

Koʻnglimda umid uchqun berdi. Qoʻlimni koʻksimga qoʻyib, bosh irgʻadim.
— Shukur, muxbir aka, shukur. Yaxshi yuribdi! — dedim. — Oʻzlariyam... qoʻymisan qoʻy-da!
— Aha, qoʻy!..
— Oʻlmang!
— Qoʻy, qoʻ-oʻ-oʻy! Qoʻy yaxshi!
— Oʻlmang!
— O-o-o, qoʻ-oʻ-oʻy! Qoʻy yaxshi narsa!
— Oʻlmang! Ayniqsa sizning qoʻylaringiz! Ming qilsa-da, hi-hi-hi, ming qilsa-da, muxbirning qoʻylari-da.
— Aha, rahma-a-at, rahma-a-at!
— Anavi toʻngʻich akangizning qoʻylari boʻlmaydi! Bari oʻziday kaltafahm! Sizning qoʻy¬laringiz shunday dono, shunday oʻqimishli... Hay-hay-hay, sadagʻasi ketsang, muxbirning qoʻylari¬ning!!
— Aha, rahma-a-at, rahma-a-at!
— Bir kuni deng, hayt-hayt, deya qoʻylarni soyga haydadim. Qoʻylar oʻzini qirga urdi. Faqat sizning qoʻylaringiz soyga qarab yurdi. Men, ha, omon boʻlgurlar-e, ming qilsa-da, muxbirning qoʻylarisan-da, dedim.
— Aha, rahma-a-at, rahma-a-at! Qoʻylarni tarbiyalang, oʻrtoq Qurbonov, qoʻylarni tarbiyalang!
— Bay-bay-bay, qoʻylaringiz muxbirning qoʻy¬lari ekanligi shundaygina bilinib turadi-ya! Mol egasiga oʻxshaydi, deganlari shuda...
— Aha, rah-ma-a-at, rahma-a-at!

Rixsiev tashqariladi.

Xurjunimi yelkalab, izidan yurdim. Tarlonni minib, adirga yoʻl oldim.

Birodarlar, koʻnglim ogʻriyapti...

10

Tarlonni boylovga tashladim.

Otxonadagi baland oxurga bogʻladim.

Goʻng chiqariladigan teshikni janda bilan kechalari yopib qoʻydim, kunduzlari ochib qoʻydim.

Tarlonga arpa yem berib boshladim.

Azonda toʻrt kilo arpa yem berdim.

Tushda olti kilo arpa yem berdim.

Oqshomda besh kilo arpa yem berdim.

Kaftimda tuz berdim.

Tarlon tuzni kapalab-kapalab yedi.

Kaftimda oq qand tutdim.

Tarlon qandni lablari bilan oldi. Qars-qars yedi.

Endi soʻyilgan qoʻy quyrugʻini tuzlab-tuzlab berdim...

Birodarlar, ot usti behisht, ogʻzi doʻzax!

11

Rosa qirq kecha-yu qirq kunduz boʻldi.

Ana shunda Tarlonni otxonadan olib chiqdim. Tarlonni sovuta boshladim.

Hovli etagida arqonini uzun tashlab bogʻladim. Tarlon boʻynini koʻzoynakli ilon misol gajak-gajak qildi. Qoziqni aylanib chopdi. Old oyoqlarini koʻtarib kishnadi. Arqonini selkillatdi. Dirk-dirk oʻynab kishnadi. Tarlon mast boʻldi!

Arqon yetadigan yerlarga oz-ozdan xashak yoydim. Tarlon goh u uyumdan, goh bu uyumdan xa¬shak yedi.

Kuniga bittadan xom tarvuz berdim. Tarlon tarvuzni qarsillatib-qarsillatib yedi.

Fayzi sahar vaqti Tarlonni jabduqlab mindim.

Katta koʻchada ohista-ohista qadamlatib yurdim.

Tong oqardi.

Xoʻrozlar qichqirdi. Itlar hurdi.

Koʻcha yuzidagi radiokarnay nagʻma chaldi.

Ariqlarda jildirab-jildirab suvlar oqdi.

Sahar yellari xur-xur esdi. Bizlarni silab-siy¬padi...

Tarlon vazmin-vazmin qadam tashladi. Tuyoq tovushlari bir maqomda tikilladi: tik-tik-tik...

Oldimizdan ariq keldi.

Oyoq ildim. Tarlonni ariqdan sapchitmadim. Sapchitsam, ichidagi moyi uzilib tushadi. Keyin, bir yilcha koʻpkarida chopolmaydi.

Shu bois, ariqni aylanib oʻtdim.

Tarlonni suvladim. Izimizga qaytdim.

Tarlon tagʻin terib-terib qadam tashladi: tik-tik-tik!

Tarlonni qirq kun sovutdim. Tarlon bir yerda turolmay qoldi, tuyoqlari yerga tegar-tegmay yurdi. Oʻynoqlab-oʻynoqlab, osmonga sapchidi. Quyundayin uchgisi keldi!

Paxta terimi tamom boʻldi.

Toʻylar boshlandi.

12

Birodarlar, ot bilmaydigan nima yoʻq!

Ot qor-yomgʻirni, dovulni oldindan biladi.

Ayniqsa, toʻy-ma’rakani darrov biladi. Boisi, toʻyda koʻpkari boʻladi-da!

Bizning Tarlon kechasi bilan pishqirdi.

Alagʻda boʻldim, choponimni yelkamga tashladim, tashqariladim.

Oy yorugʻ, osmon ochiq boʻldi.

Tarlon qoziqni aylanib chopdi.

Tarlonni ushladim. Yollarini siladim.

Bir yerda toʻy bor-ov, dedim.

Aytganim boʻldi.

Ertasi kuni shundaygina yonimizdagi Obshir qishlogʻidan toʻyxat keldi.

Omborxonada ot abzallarini — terlik, bellik, chirgi, boz, jahannik, jul, pushton, quyushqon, yugan, koʻpchik, uzangili egarni qoʻltiqlab keldim.

Tarlonni qashilab-qashilab egarladim. Ogʻziga suvliqni solib, yuganladim. Peshonasiga doʻlana shoxidan boʻlgan koʻztumor ildim.

Egar qoshidan oldim. Uzangiga oyoq soldim.

13

Obshirga yigirma otliq boʻlib bordik.

Surnay navosi chiqayotgan, osmonga quyuq tutun oʻrlayotgan toʻyxona ostonasida oyoq ildim.

Bizga Turdi podachinikidan joy tegdi.

Telpagi quloqlarini tushirib olgan bir odam bizni tor koʻchalar boʻylab ergashtirdi. Podachi¬nikiga olib bordi.

Podachi darvozasi xiyla past boʻldi. Oti moʻminlar ostonadan egarga enkayib oʻtdi. Oti boqiliqlar yerga tushib, yetaklab oʻtdi.

Birodarlar, otga minsang — boshingni oʻyla, yerga tushsang — otingni oʻyla!

Chavandozlar otlarini yalangʻochladi. Egar-abzallarni daraxt shoxlari ayrisiga ildi. Supalar, devorlarga qoʻydi.

Chavandozlar otlarni shamollatdi.

Tarlon yerga agʻnadi. Goh oʻng, goh chap yogʻiga agʻnadi. Badani qichigʻini qondirdi. Oʻzini oʻzi qashidi! Tagʻin oyogʻida turdi. Oyoqlarini kerib-kerib silkindi. Badan-yollariga ilashgan xas-changlarni qoqdi.

Tarlon ustiga gilam tashladim. Pushtonini salqi qilib tortdim. Qozigʻini tepib-tepib qoqdim.

Safar chavandoz qora toʻrigʻi qozigʻini Tarlon yonidan qoqdi.

Gʻashim keldi. Ensam qotdi.
— Safar aka, — dedim. — Toʻrigʻingizni xolisroqqa oling, baraka toping.
— Hech nima qilmaydi, yer keng.
— Men yerni qizgʻanmayapman. Toʻrigʻingiz tepongʻich, shuni oʻylayapman.
— Koʻngilni keng qiling, ot tepkisini ot koʻta¬radi.¬¬¬¬¬

Toʻriq bizning Tarlonga yomon-yomon qaradi.

Men, ana, koʻryapsizmi, demoqchi boʻldim. Ammo Safar chavandoz mehmonxonaga joʻnadi. Izidan qoʻl siltab qoldim. Keyin, men ham bordim.

Toʻyxonadan ulushimiz — turli noz-ne’matli dasturxon, ikkita shisha keldi.

Uy bekasi qozon osdi. Palovga urindi.

Chavandozlar davra boʻlib oʻtirdi. Sabzi toʻgʻrab berdi.

Shu vaqt otlar achchiq-achchiq kishnadi. Tarlon ovozini darrov tanidim, chopib chiqdim.

Safar chavandoz toʻrigʻi old oyoqlarini koʻtarib pishqirdi, Tarlonga yopishdi.

Men olisdan qoʻl siltadim. Tarlonga doʻq urdim:
— Boʻldi, bas! — dedim.

Tarlon oʻzini keyinga oldi. Old tuyoqlari bilan yer tirnadi. Tishlarini irjaytirib kishnadi. Toʻriqni ogoh qildi. Yaqinlashma, degan boʻldi.

Tarlon noʻxtasidan ushladim. Tarlonni tinchlantirdim:
— Boʻldi! Tak-tak-tak! Tak deyman! Safar aka, ana, aytmadimmi, toʻrigʻingiz odam emas deb! Mana, Tarlonning koʻnglini ogʻritdi!
— Odam soʻzlashib topishadi, yilqi kishnashib topishadi, Ziyodulla chavandoz! Shunday-shunday topishadi-da!

Safar chavandoz toʻrigʻini Tarlondan xolis oldi. Otlar tinchidi.

Palov yedim. Kechasi olishni* tomosha qildim.

14

Ertalab ta’tillanib, otlandim. Lalmi dashtga yoʻl oldim.

Dasht bir-biriga ulashib ketgan adirlar ora¬ligʻida boʻldi. Kunbotar qoʻngʻir tusli qirlar boʻldi. Dasht chetlari yoʻgʻon-yoʻgʻon tutlar boʻldi.

Koʻpkari tomoshaga kelganlar shu tut shoxlarida, devorlarda chumchuqdayin tizilib oʻtirdi. Teva¬rak¬¬¬dagi adirlarda toʻda-toʻda boʻlib yonboshlab yotdi.¬

Adir betlarida chavandozlar otlarini yalan¬gʻochladi, otlarini koʻpkariga shayladi.

Men ham adirning bir chetini oldim. Tarlonni yalangʻ¬ochladim, yerga yumalatdim. Keyin egar bosdim.

Oyogʻimga paytava oʻradim. Xurjundan koʻp¬kari etigimni olib kiydim. Etik baland poshnali etik, takaning terisidan boʻladi. Teri teskarisi ichiga qaratib tikiladi. Teskarisi yaltiroq, sirpanchiq boʻladi. Yuzasi terining oʻng tarafidir. Etikni mol charvisi bilan moylab turaman. Shunda suv, qor, sovuq oʻtmaydi, yirtilmaydi.

Butlari bir qarichcha yirtiq cholvorimni kiydim. Cholvorimni atayin yirtib qoʻyibman. Boʻlmasa, koʻpkarida butimga biron nima ilashadi, cholvo¬rimni ogʻigacha ayirib yuboradi.

Telpagim qulogʻini tushirdim. Uzangiga oyoq ilib, egar qoshidan oldim. Dashtga qarab endim.

Chavandozlar tevarakni aylanib chopdi. Cha¬vandozlar otlarini pishitdi.

Odamlar qishloq tarafga qaradi.
— Ana, uloq kelayapti! — dedi.

Qishloqdan ikki otliq keldi. Birovi oldida qora uloq. Oʻngarib oldi. Otliq uloqni oldimizga olib kelib tashladi.

Chavandozlar uloqni otlariga iskatdi. Uloq yonverini, tevaragini aylantirib koʻrsatdi.

Otlar toʻp boʻldi.

Yuzlari tandirdan endi uzilgan nonday qizil, moʻylovli bir odam uloq boshiga keldi.

Ana shu moʻylov bakovul boʻldi. Qamchi sopini boshi uzra koʻtardi. Jarangdor ovozda aytdi.
— Chavandozlar-ov! Gapimni oʻng qulogʻing bilan-da, chap qulogʻing bilan-da, eshitib ol! Chilvir solma — bir! Bir-birovingni yomon gap bilan soʻkma — ikki! Qamchi solma — uch! Yiqilgan chavandoz ustiga ot solma — toʻrt! Ot qochganda ushlashga yordam ber — besh! Ol, ha-ol!

Bakovul shunday dedi-da, oʻzi toʻdadan chetga chopib chiqdi. Toʻdani aylanib chopib, jar soldi:
— Birinchi zotiga bir roʻmol, oʻn soʻm puli bor! Eshitmadim demanglar!

Chavandozlar toʻdaga ot soldi. Otlarini qimti-di, otlarini tizzalari bilan niqtadi, otlarini qamchiladi, otlarini uloqqa haydadi.

Uloq sonsiz ot tuyoqlari orasida qoldi.

Qoʻllar uloqqa talpindi, ammo ololmadi.
— Ha-ha-ha!
— Chu-chu-chu!
— Bos-bos-bos!

Talpinishlar samara bermadi. Uloq yerdan qoʻzgʻolmadi. Oʻzini uloqqa urayotganlar oʻzi-da, otlari-da gʻarq terga botdi. Chavandozlar dastlabki shashtidan qaytdi, otlar shashtidan qaytdi. Ayrim chavandozlar toʻda chetiga chiqdi, peshonalarini artdi, tomoshagoʻy boʻldi.

Endi, toʻda tevaragida yurgan chavandozlar oʻzini uloqqa urdi.

Men Tarlon boshi uzra qamchi havolatdim. Tarlonni qimtib-qimtib, toʻdaga haydadim. Tarlon otlar siquvida turtinib-burtinib uloqqa yetib keldi. Uloqni bir aylanib toʻxtadi.

Men qamchini sopidan tishlab oldim. Oʻzim uloq¬qa uzaldim. Endi koʻtarib edim, bir ot tuyogʻi bosib qolib, uloq qoʻlimdan tushib ketdi.

Tarlonni otlar toʻdasi surdi. Tarlon qalqib-qalqib, uloq naryogʻiga gandiraklab oʻtdi. Chetga chiqib qoldi.

Tarlon shashti qaytmasin, ruhi tushmasin, deya bir chaqirimcha yerga chopib borib, chopib keldim. Goʻyo uloqni olib chiqdim!

15

Uloq yerdan qimirlamadi.

Shunda bakovul zotni oshirdi.
— Chavandozlar-ov, eshitmadim demanglar, ustiga yana bir goʻsam serka qoʻyildi!

Chavandozlar chuh-chuh, deya otlarini uloqqa chorladi. Sagʻrilariga tars-tars qamchilar urdi.

Otlar pishqirdi, otlar kishnadi.

Nihoyat, uloq yerdan koʻtarildi. Toʻda asta-asta jonlandi. Otlar qulogʻi lik-lik etdi. Toʻda pastga siljidi.

Bakovul jar soldi.
— Uloq koʻtarildi, uloq koʻtarildi!

Toʻda birdan jonlandi. Otlar yoppasiga chopdi. dupur-dupur-dupur... otlar uloq tevaragida chopdi. Bor e’tiborlari uloqda boʻldi.
— Uloq ketdi! Uloq Burnoch bilan Samanda borayapti!

Nimaga burnoch ot deymiz! Boisi, burnoch ot peshonasida qashqasi, burni uchida olasi boʻladi. Butlari-da ola boʻladi. Burnoch otning xili koʻp boʻladi. Koʻk burnoch, qora burnoch, toʻriq burnoch, jiyron burnoch!

Saman ot boʻlsa, sariq, yollari, dumlari qora boʻladi. Yol-quyrugʻi oqlari-da boʻladi.

Burnoch bilan Saman quloqlarini quyon quloq¬lari misol chimirib chopdi, zinkiyib chopdi. Uloq oralarida shalvirab bordi. Uloqning bir buti Burnochda, bir buti Samanda boʻldi.

Chavandozlar oʻz taraflariga chalgʻayib, tortishib bordi. Tevaragida oʻnlab qoʻllar uloqqa uzaldi, ammo yetolmadi. Yetganlari uloqni yulib ololmadi.

Otlar Burnoch bilan Samanni oʻrab chopdi, dupur-dupur-dupur...
— Uloq Burnoch bilan Samanda borayapti! Uloq Samanga oʻtdi, uloq Samanda! Bos!

Darhaqiqat, Saman chavandozi epchillik bilan uloqni taqimiga bosdi. Oʻng tarafiga qiyshaydi. Jilovni oʻngga burdi. Saman yoʻlini oʻngdan soldi.

Chavandozlar talashish foydasizligini bildi. Birin-birin orqada qoldi.
— Halo-o-ol! Samanniki halol! Tashla, Saman, tashla! E barakalla-e! Saman, kel, haqingni ol!

Saman uloqni yerga tashladi. Bakovulga qarab yurdi.

Chavandozlar yerga tushgan uloqqa qarab yurdi. Yana uloqqa yopirildi. Uloq bu gal maydagi¬na bir toʻriqda ketdi.

Birodarlar, toʻriq ot malla boʻladi. Boʻyni xuddi koʻzoynakli ilon misol gajak-gajak boʻladi!

16

Yanagi uloq menga nasib etdi.

Men uloqdan umid qilmadim, toʻda chetida turdim. Uloqni Yaratganning oʻzi yetkazdi.

Bir qizilkoʻk uloqni yerdan sudrab chiqdi. Qizilkoʻk shundaygina yonimizga keldi. Shunda chavandozi uloqni ot tizzasi boʻyi koʻtardi.

Men enkayib, uloqqa yopishdim. Qaddimni koʻtardim, Tarlon biqiniga tizzamni nuqib ayqirdim.
— Ha-a!

Tarlon bir yulqinib, toʻdadan uzib chiqdi. Ketimdan chavandozlar ot soldi. Koʻplari menga yetib keldi, uloqqa uzaldi.

Shunda Tarlonga qamchi bosdim. Ammo Tarlon jadallamadi, aksincha, tobora sekinlab chopdi.

Hayron boʻlib, olgʻa qaradim. Ana shunda nima gapligini bildim. oldinda bir odam boʻyi soy boʻldi...

Nima qilishimni bilmadim. Jilovni buraman degunimcha soy labiga kelib qoldim. Tarlon soy yoqalab chopdi. Uloq soy tarafda boʻldi. Shu sababli-da uloqqa birov kelolmadi.

Shunday boʻlsa-da, qoʻli uzun chavandozlar Tarlon sagʻrisi, Tarlon boʻyni osha uloqqa uzaldi. Men uloqni bermadim. Ayniqsa, Tarlon uloqni bergisi kelmadi.

Soy yoqalab chopdim. Shunda-da bakovul ovozidan darak boʻlmadi. Endi jilovni qoʻyib yubordim. Taqimimdagi uloqni qoʻshqoʻllab ushladim. Tarlon endi oʻz bilganicha chopdi. Soyda esa, adogʻ boʻlmadi...

Chavandozlar ketimdan qolmay ta’qib etdi.

Shunda Tarlon birdan... soyga qarab zinkiydi. Old oyoqlarini koʻtardi, oʻzini soyga tashladi.

Etlarim jimir-jimir etdi. Koʻzlarim otilib chiqib ketayotganday boʻldi. Oyogʻim yerdan uzilganini tuydim. Oʻzimni muallaq sezdim. Koʻnglimdan, oʻlgan shunday oʻlar ekan-da, degan gap oʻtdi. Koʻzlarimni chirt yumdim, uloqni qoʻyib yubordim...

Zoʻr bir zarbdan qalqib ketdim. Yuragim tovo¬nimga tushib ketganday boʻldi. Hushim boshimdan uchdi. Jonholatda Tarlon boʻyniga yopishdim. Mahkam quchoqlab oldim...

17

Koʻzlarimni ochdim. Yo, tavba, Tarlon hamon chopib borayapti. Endi soyda chopib borayapti.

Tarlon bir-bir bosib, oyoq ildi. Boshini egdi. Pishillab nafas oldi.

Men qaddimni rostladim. Oʻzimga keldim. Men tagʻin koʻzimni yumdim.

Yuqoridan bakovul ovoz berdi.
— Zot joyida! Zot joyida qoldi!

Yuqoriga oʻgirildim. Otliqlar soy labida qator boʻlib qaradi. Uzalib, jilovni oldim. Yuqoriga chiqadigan yoʻl qidirib, soy yoqaladim.

Yuqorida chavandozlar salmoqlab-salmoqlab gapirishdi.
— Odamning boshi aylanib ketadi-ya!
— Shu Tarlonda ikkita yurak bor!
— Bordi-yu, bitta boʻlsa, oʻzining kallasiday!
— Tarlon dilovar ot ekan!

Bakovul tayinladi:
— Tarlon-ov, uloqniyam olib chiq! — dedi.

Men oʻzimni eshitmaslikka oldim. Uloqqa qaytib borgim kelmadi. Bir nishabroq yerdan yuqoriladim.

Egar-abzallar oldiga bordim. Tarlonni yalangʻochladim. Tarlonning bor vujudini qarab koʻrdim. Oyoqlarini siladim. Xudoga shukur, lat yemadi. Yerga yumalatib-yumalatib sovutdim. Bosh-adoq qashiladim. Boʻldi, endi Tarlonni uloqqa solmayman. Boʻldi, Tarlon gʻolib boʻldi...

18

Keyin... keyin, oʻzimning-da, araz fe’lim tutdi...

Birodarlar, sizga bir nima aytayinmi? Men araz urishni yaxshi koʻraman! Oʻlayin agar-a!

Oy tugʻadi, oʻttizida toʻladi. Shu oyda biror bir nimadan, aqalli bir martagina boʻlsa-da, arazlamasam boʻlmaydi. Shu oyda kun koʻrganday boʻlmayman!

Koʻnglim gʻash boʻlib yuradi. Bir nima yoʻqotganday tevarakka alanglab qolaman. Bahonatalab boʻlaman. Biron-bir bahona izlayman. Qildan qiyiq chiqaraman. Ignaday nimani togʻday qilib koʻng¬limga olaman. Tumshuq qilib olaman!

Oʻzimni oʻzim xoʻrlangan deb bilaman. Koʻng¬lim choʻkib... otam bechorani eslayman! Odamlar meni sagʻirligimni bilib xoʻrlayapti, deyman. Sagʻir boʻpmiz, aybdor boʻpmizmi, deyman.

Undan keyin... kallamdan oʻpkalayman! Xoʻrla¬nishim boisini kal kallamdan koʻraman. Kallam kal-da, boʻlmasa, meni shunchalik xoʻrlarmidilar, deya oʻksinaman.

Shunda: uzangi yoʻldoshlarim oraga tushadi. Ot jilovini ushlab, tavallo qiladi:
— Bir martagina shaytonga hay bering, Ziyodulla chavandoz! — deydi.

Arazlashimning ana shu yerlari koʻnglimga yogʻday yoqadi! Qobogʻimni uyub-uyub, olislarga qarayman. Miq etmayman!

Uzangi yoʻldoshlarim yanada gʻayrat qiladi.
— Ziyodulla chavandoz, siz koʻp ulugʻ chavandozsiz, shu safar bizni oʻylang! — deydi.

Ahay-ahay! Jonning huzuri-ya! Vujudim huzur qiladi, vujudim rohat qiladi!

Ana shunda moyillik beraman! Oʻychan-oʻychan bosh irgʻayman.
— Mayli, koʻp qoʻymadilaringiz, yuzlaringizdan oʻtolmadim, — deyman.

Koʻpdan buyon araz urish xumor qilib yurib edi. Mana, qulay vaqt keldi! Yaratganning oʻzi suygan bandasiga yubordi! Bahona-da binoyiday boʻldi: ot insonni deb jonini ayamadi, bakovul boʻlsa, ot fidoyiligini taqdirlamadi! Ana bahona!

19

Men arazlab oʻtira berdim.

Bir jiyron ot seldanang otib keldi. Bakovul oldiga bordi.

Birodarlar, jiyron — malla ot boʻladi. Oyogʻi olapaycha. Ayrimlari peshonasida qashqasi-da boʻladi. Bunisida yoʻq boʻldi.

Jiyron chavandozi soqoldor chavandoz boʻldi. Chavandoz ovozi nordon-nordon boʻldi, ammo xushtalqin boʻldi:
— Ay bakovul, moʻyloving boʻlgan bilan, inso¬fing yoʻq ekan! — dedi. — Qara, Tarlon oʻzini qa¬erdan tashladi! Ot sendan, mendan qoʻrqqanidan tashlamadi, yoʻq, odamzotga fidoyiligidan tashladi! Bundayin botir ot boshidan zar sochsang-da, haqing ketmaydi! Ber haqini!
— Uloq qoʻlidan tushib ketdi! — dedi bakovul.
— Bersang berding, bermasang, shu Tarlonga uyimdan bir qoʻy olib kelib beraman! Ayt, boʻlarini ayt!

Bakovul arosatda qoldi. Nima qilishini bilmadi, nima deyishini bilmadi. Haq berayin desa, boyatdan buyon bot-bot bekor, dedi. Endi gapidan qaytish boʻladi. Haq bermayin desa, tagʻin boʻlmadi. Soqoldor chavandozda avzoy yomon, uyidan qoʻy olib kelib beradi. Yomon-yomon, ana unda yomon! Bakovul nomiga yomon, toʻy nomiga yomon!

Bakovul oʻyladi-oʻyladi, oxiri gapini qaytib oldi. Soqoldor chavandozga yuzlandi.
— Chavandoz bova! — dedi. — Oshingni yesa-da mard yesin, boshingni yesa-da mard yesin! Bunday tantilikdan keyin, haq sizdan aylansin! — dedi.

Bakovul menga bir serka bilan yigirma besh soʻm pul berdi.

20

Koʻpkari oxirigacha yonboshlab yotdim.

Uzangi yoʻldoshlarim bir marta-da uloq olol¬madi.

Koʻpkaridan qoʻlini burunlariga tiqib qaytdi.

Shunda, uzangi yoʻldoshlarimga yuz soldim.
— Endi qaysi yuz bilan elga roʻpara boʻla¬miz?— dedim. — Yigirmaday chavandoz-a! Olganimiz bor-yoʻgʻi bitta serka boʻlsa! Shuniyam tilab oldik!

Chavandozlar boshi egik boʻldi. Bilmadik, deya yelka qisdi.
— Yaxshisi, bunday qilamiz. Yoʻlda oyoq ilamiz. Qishloqqa qorongʻilatib-qorongʻilatib kirib boramiz. Binoyimi?
— Binoyi, binoyi, — dedi chavandozlar.

Qishloqqa bir adir qoldi.

Chavandozlar otdan tushdi. Adirda yonboshlab yotib oldi.

Toshday qorongʻi tushdi.

Chavandozlar tagʻin otlandi.

Birov-yarim duch keladi, degan hadik bilan men oldinda yurdim. Oldimda serka bor-da. El koʻzi...

Aytganim boʻldi. Toshloqdan oʻtib, bir qoraga yoʻliqdim. Yoʻlni burib soldim.

Qora olisdan ovoz berdi:
— Hay, oʻsha yoqda bir ola mol koʻrmadilaringizmi?
— Koʻrmadik.
— Ziyodulla chavandoz? Senmisan? Koʻpkaridan qaytdilaringmi?
— Shunday, shunday!
— Qalay, quruq qaytmadilaringmi, ishqilib?
— Esa-chi!
— Bilinmayapti-ku!

Men oldimdagi serka junini ogʻritib-ogʻritib tortdim. Serka uzib-uzib ma’radi.
— Eshityapsizmi, ovozini?
— Ha, yaxshi-yaxshi! Ishqilib, boʻsh kelmanglar! Sizlar, elning e’tibori-da!
— Ana shunday ovozli jonlilardan barimizda bor! Xurjundagi qat-qat toʻnlarni aytmasak-da boʻladi!

21

Boysunga toʻyga joʻnadim. Yer bilch-bilch loyligidan, ot dumini tugib qoʻydim.

Birodarlar, boysunliklar qitmir el, baxil el, ichiqora el! Birovga bir nima qiymaydi! Oʻzlari boʻlolmaydi, boʻlganni koʻrolmaydi! Bizning oma¬dimizni kamsitadi! Bizning muvaffaqiyatimizni yerga uradi! Parokandaligimizni koʻrib quvonadi! Yayrab kuladi, miriqib kuladi! Voy bechora-e, voy bechora-a, deydi! Nachora, birodarlar, nachora, sut bilan kirgan, jon bilan chiqadi!.. Bugungi koʻpkarida-da shunday boʻldi.

Shoʻrchidan Fayzulla chavandoz keldi. Vo ukkagʻar, ana chavandoz! Besh ketdim! Ostidagi oti qizbel! Suv ilonday chopdi! Uloqni ketma-ket ikki bor ayirdi!

Uchinchisi menda ketdi.

Uloq goh shoʻrchiliklarda, goh bizda, goh vaxshivorliklarda yurdi. Boysunliklarga tegmadi.

Fayzulla chavandoz uloqni uchini bor yerdan uzib oldi!

Ana shunda boysunliklar kuyib ketdi! Bir boysunlik Fayzulla otining jilovidan tortib qoldi. Yana bir boysunlik uloqni yulqib-yulqib tortdi, Fayzulla chavandoz qoʻlidan tushirib yubordi!

Fayzulla chavandoz yana uloqqa uzaldi. Yana uloqni olib joʻnadi. Qizbeli toziday chopdi!

Boysunliklar keyinda qolib ketdi. Ammo ulkan bir aygʻir izma-iz yetib bordi. Aygʻir chavandozi uloqqa uzalmadi. Yoʻq, uzalmadi. Aygʻir, Fayzullaning Qizbelini koʻkragi bilan urib oʻtib ketdi! Qasddan qildi, qasddan!

Fayzulla chavandoz Qizbeli umbaloq oshib yiqildi. Fayzulla Qizbel oti boshidan yerga aylanib tushdi.

Qizbel sapchib turdi, besh-olti odim qoʻydi. Keyin, chavandoziga qarab yurdi. Chavandozi oldida oyoq ildi.

Fayzulla chavandoz yiqilish zarbidan irgʻib turib ketdi. Ust-boshlarini qoqdi.

E, tavba-e, tavba-e! Chavandoz devordan agʻnasa, albatta bir yeri lat yeydi. Maydagina eshakdan yiqilsa, xiyol vaqt qimirlamay yotadi. Oʻqday uchib borayotgan otdan yiqilsa, hech nima koʻrmaganday, sapchib turib ketadi!

Birodarlar, eshak yiqitsa, tuyogʻini toʻshaydi, ot yiqitsa, yolini toʻshaydi!

Fayzulla chavandoz Qizbel oldiga bordi. Qizbel badaniga yopishgan loylarni artdi. Qorniga sidirilib tushgan egarni oldi. Qaytatdan egarladi.

Tagʻin toʻdaga ot qoʻyib keldi. Uloqqa qahr bilan yopishdi.

Bu safar boysunliklar uloqni ot tuyoqlari ostiga bostirib oldi.

Fayzulla chavandoz uloqni tuyoqlar ostidan tortib ololmadi. Toʻdadan entikib-entikib chiqdi.
— ... sigʻsa ot min-da, bachchagʻar! Oʻl-e, shu kuninga-e! Tfu! — dedi.

Fayzulla chavandoz tupigi ulkan aygʻir sagʻrisiga sachradi.

Fayzulla chavandoz araz urib ketdi. Izidan uzangi yoʻldoshlari joʻnadi.

22

Boysunlik chavandozlar uloq ololmasligini bildi. Endi qingʻirlik yoʻliga oʻtdi.

Uloqqa chilvir soldi! Chilvir yarim qulochcha keladigan arqon boʻladi. Yoʻgʻonligi boshmaldoqday boʻladi. Uchlari bilak bilan egar qoshi sigʻadigan qilib tugiladi. Chavandoz chilvirni uloq kezanagidan oʻtkazib olib, bilagiga oʻraydi. Ana undan keyin uloqni tortib olib boʻlmaydi!

Uloqqa chilvir solishning zoʻr bir xili bor.

Boysunliklar ayni shu zoʻrini qoʻlladi: birovi bir amallab uloqni yerdan uzdi. Chilvirni kezanakdan oʻtkazib oldi. Uchlarini egar qoshiga ildi. Keyin, uloqni taqimiga bosib chopdi.

Shu uloqni olib boʻladimi? Yo, chavandozni egar-abzali bilan agʻdarib olib boʻladi, yo, oti bilan qoʻshib yiqitib olib boʻladi. Boʻlmasa, olib boʻl¬maydi!
— Chilvir! Chilvir soldi!
— Ay bakovul, toʻriq chilvir soldi!
— Harom, toʻriqning ulogʻi harom!

Bakovul barini koʻrib turdi, barini eshitib turdi. Ammo yelkasini qisdi, labini burdi, talmovsirab turib oldi.
— Chilvir? Qanaqa chilvir? Okun, mehmoni azizsiz, boʻhton qilmang! Toʻriq, kel, haqingni ol!— dedi.

Chavandozlar gapi besamar boʻldi. Koʻplar koʻpkaridan qoʻlini yuvib, qoʻltiqqa urib ketdi.

Shoʻrchilik Hamdam chavandoz ketayotib, mana bunday dedi:
— Ay bakovul, shunday haq olib yegandan koʻra, koʻchadan... terib yesalaring boʻlmaydimi? Bir moʻmin banda oʻzi yemay, oʻzi ichmay yigʻindi, elga toʻy berdi. Oʻyla-da, imonsiz! Shu haromliging oʻzingga, oʻzingga boʻlmasa, bola-chaqangga uradi, mana koʻrasan!

Bakovul yerparchin boʻldi. Ammo gapidan qaytmadi:
— Okun, chilvir solmagani haqiqat! — deya chikilladi.
— E, tupurdim, shu haqiqatingga!

Hamdam chavandoz etagini qoqib ketdi.

23

Birodarlar, chavandozlar nimaga etagini qoqib ketayapti? Adolatga! Nimaga tupurib ketayapti? Adolatga! Kimdan arazlab ketayapti? Adolatdan! Bir toʻda nomard, imonsizga achchiq qilib, adolatni oʻtga tashlab ketayapti!

Birodarlar, biz hamisha adolat, adolat deymiz. Tildan qoʻymaymiz. Adolatsizlikni koʻrib, xuni-biyron boʻlamiz. Hayotdan, taqdirdan noliymiz. Adolat yoʻq, adolat osmonda, deymiz.

Yoʻq, birodarlar, adolat yerda! Oyoqlarimiz ostida! Adolat tuproqqa qorishib yotibdi! Adolatni kim bundayin xor qilayapti? Biz — oʻzimiz! Men, siz, Fayzulla chavandoz, Hamdam chavandoz! Ana, ular qochib ketdi! Shu-da, adolat jafo chekayotganda qochamiz! Adolatdan yuz oʻgiramiz! Koʻrib, koʻrmaslikka olamiz!

Bir imonsiz adolatni boʻgʻsa, yoʻlimizni chap solamiz. Yomondan qoch-da qutul, yo, ton-da qutul, deymiz. Yomon bilan teng boʻlmayin, deymiz. Oʻzimizni bilmaganga olib oʻtiramiz. Tilimizni tishlaymiz. Obroʻyimiz ketib qolishidan, yo, amalimizdan ayrilib qolishdan qoʻrqamiz. Oʻzimizga gʻanim orttirishdan qoʻrqamiz. Qoʻy-qoʻya ber, toʻgʻri gap tuqqaningga yoqmaydi, deya qoʻl siltaymiz.

Ana, bari qochib ketdi! Qochish, bizning uzangi yoʻldoshlarga-da yuqdi.
— Yuring, ketdik! — dedi.

Men jerkib berdim:
— Hech qayoqqa ketmayman! Koʻpkari oxirigacha chopaman! — dedim.
— Nima qilasiz, shular bilan teng boʻlib! Bularning jazosini xudo bersin!
— Nimaga endi bari nimani xudoga solasizlar?! Oʻzlaringiz odam boʻlib nima qilib yuribsizlar?! Xudo boʻlsa, shunday imonsizlik boʻlarmidi!

Uzangi yoʻldoshlarim koʻnglimga qaradi.

Bir boysunlik chavandoz yonidagiga shivirladi:
— Yaxshi boʻldi, bari ketayapti. Uloq endi oʻzimizga qoladi.

24

Qahrim qoʻzigandan qoʻzidi. Tarlonni Samad chavandozga berdim. Oʻzim Samadning chekkagir koʻk samanini mindim. Toʻda girdini poylab yurdim.

Bir boysunlik uloqqa yana chilvir soldi. Lip etib yonidan bordim, uloq butidan ushladim. Uloqdan qoʻlimni olmadim.

Oxiri boysunlikning oti holdan toydi. Oʻziningda hafsalasi pir boʻldi. Uloqni qoʻyib yubordi. Uloq yerga tushib ketdi. Men ushlab qololmadim.

Koʻk samanni olisdan qayirib keldim. Pesho¬nam¬ni yengim bilan artdim. Yoqamni koʻtarib-koʻtarib, koʻkragimni shamollatdim. Shunday rohatlandim, shunday rohatlandim. Shunday ro¬hat¬landim, shunday rohatlandim! Tani jonim yayradi! Savob ish qilganday boʻldim!

Endigi uloq vaxshivorlik Yoʻldosh chavandozda boʻldi. Yoʻldosh uloqni chilvirsiz, halol olib ketdi.

Yoʻldosh chavandozga ziyon bermadim, oshiga sherik boʻlmadim.

Tagʻin toʻda chetiga borib turdim. Ostimdagi koʻk saman ogʻirligini orqa oyoqlariga soldi. Ketiga xiyol chayqalib turdi.

Endi Jiyron otli bir boysunlik uloqni olib joʻnadi.

Men darrov koʻk samanni yonidan qoʻshdim. Uloqqa ushlashdim. Basma-bas ushlashdim. Tengma-teng ushlashdim.

Bechora chavandoz chap berib, chap berib, koʻp chopdi.
— Qoʻyib yubor, haqning yarmini beraman, — deya shivirladi.

Oʻzimni eshitmaslikka oldim, uloqni ushlab chopdim.

Boysunlik alamidan yomon-yomon oʻqraydi, yomon-yomon chaqchaydi. Burab-burab soʻkdi. Oxiri uloqni tashlab yubordi.

Ishqilib, boysunliklarga uloq bermadim. Boysunlik chavandozlar uloq ololmadi.

Bakovul barini koʻrib turdi, barini bilib turdi. Ana endi... ana endi, qitmirning borib turgan qitmiri qiladigan ishni qildi: uloqni toʻdadan chetga olib joʻnadi. Soʻraganlarga:
— Butlari shalvirab qolibdi, — deya javob berdi.

Chavandozlar bakovul yoʻliga qarab turdi. Bakovul toʻdaga yangi uloq soʻyib keladi, deya umid qildi.

Xiyol oʻtdi, bakovul qaytib keldi. Uloqni toʻdaga olib kelib tashladi.

Uloqni koʻrib, yoqalarimni ushladim. Yo, tavba, yo, tavba! Oʻsha-oʻsha uloq. Lekin boʻyni yoʻq! Butlari yoʻq! Haligina bor edi, bakovul qirqib tashlabdi! Bunday uloqni yerdan koʻtarib boʻlmaydi! Boisi, ushlaydigan yeri yoʻq! Junidan ushlab koʻtarayin desa, juni yulinib ketadi!

Shunday boʻlsa-da, chavandozlar noumid shayton deya, uloqqa talpindi. Ammo yerdan uzib ololmadi.

Bakovul koʻnglidagiday boʻldi! Ana endi bakovul koʻpkarining oxirini aytdi:
— Eshitmadim demanglar, olgan-olgani! Olgan-olganiga shu uloqning oʻzi, bir kilo yogʻ, bir kilo guruch, sabzisi bor! Ol!

Bunday uloqni yerdan uzib olishning bir yoʻli bor. Lekin juda-juda qiyin...

Baxtash tavakkal! Oʻzimizning Tarlonni minib oldim. Uzangi yoʻldoshlarimga, bot-bot tayinladim. Oʻzim uloqqa qarab yurdim. Uzaldim, uzaldim... tagʻin uzaldim... uloq junini eti bilan qoʻshib ushladim, gʻijimlab ushladim. Bor kuchim bilan siltab koʻtardim, egar qoshiga oʻngarib oldim! Koʻkragim ostiga bosdim, bilaklarim bilan bosdim!

Koʻz ilashmay qoldi!

Qolgan ish, Tarlon ishi boʻldi! Tarlon tulkiday chopdi!

Koʻpkari oxiri menda ketdi. Men zafar qozondim!

Birodarlar, oʻzbek eli oʻr keladi, oʻzi oʻjar, zoʻr keladi!

25

Rixsiev qishloqqa koʻchib keldi.

Birov urilib keldi dedi, birov shahardan bezor boʻlib keldi, dedi. Urilib keldimi, surilib keldimi, ishqilib keldi. Maktabda muallim boʻldi.

Bizdan ikki hovli narida ota meros koʻhna hovlisi bor edi. Ana shu hovlida yashadi. Qish boʻlsada, hashar qildi, hovlisini sozladi.

Bir kuni meni-da hasharga aytdi. Oʻlmayinning kunidan bordim. Hamsoyachilik, qosh bor, qoboq bor-da.

Rixsiev supada yonboshlab oldi. Qoʻlini loyga urmadi. Hasharchilarga gap berib turdi.

Birodarlar, Rixsiev quloq-miyani qoqib, qoʻlga berdi! Bidir-bidir... Olamda gap qolmadi! Qaerda urush boʻlayapti, qaerda surgun, qaysi mamlakat podshosi qaerga bordi, nimaga bordi, nima dedi, poezdda bordimi, samolyotda bordimi, mezbonlar bilan quchoqlashib koʻrishdimi, yo, qoʻl uchida koʻrishdimi, hech nima qolmadi!

Boshim gʻuvillab qoldi. Tishimni tishimga qoʻyib chidadim.

Rixsiev ertaga-da hasharga aytdi.
— Kelolmayman, ertaga koʻpkari bor, — dedim.

Shu vaqt uydan odam keldi. Palovga qaramadim, hadahalab uyga bordim. Uyimizda cha¬qaloq inga-ingaladi.

Birodarlar, men ota boʻldim, ota! Oʻgʻil! Xumor xolamiz oʻgʻlimizga momochi boʻldi!

Tongni koʻz yummay oqladim.

26

Ertalab Tarlonni suvlatmadim. Yemni kamroq berdim. Qishloq mashrigʻidagi chimzorga bordim.

Otlar siyrak boʻldi. Borlari-da oʻzimizning otlar boʻldi. Mehmon otlar taxchil boʻldi.

Tarlonni toʻdaga soldim. Tarlon toʻdaga kirmadi! Keyiniga tisarildi. Suvligʻini chaynadi, boshini sarak-sarak etdi.

Tizzam bilan biqiniga niqtadim, sagʻrisiga qamchiladim.

Tarlon seskandi, Tarlon turgan joyida yer depsindi.

Koʻz qoʻrqitar uchun boshi uzra qamchi havolatdim.

Tarlon ursang ur, mana, degandayin quloqlarini chimirib turdi.

Bildim, Tarlonda kayfiyat yoʻq, bildim!

Birodarlar, har bir otning oʻz fe’l-atvori, kayfiyati boʻladi. Ot kayfiyati yoʻq kunlari insonga boʻyin egmaydi. Ana shu kunlari inson koʻp gʻashiga tegsa, inson yelkasidan gʻarchillatib tishlab olishdan-da, qovugʻiga tarsillatib tepishdan-da qaytmaydi!

Bunday vaqtlarda ayrim chavandozlar qamchi dastasi bilan otning boshiga uradi. Oqibat, ot jon achchigʻida chavandozini yiqitib qochadi.

Ana shunda ot insondan bezadi. Ot insondan qaytadi! Oʻzining devlar ajdodiga tortadi! Ajdod¬larini qoʻmsaydi, adirlarga qarab qochadi. Gala¬larga borib qoʻshiladi. Aygʻirlari bilan koʻrishadi, biyalari bilan suykashadi. Ajdodlarining havosini oladi! Bir-birlari bilan iskashadi. Inson zotidan nolib-nolib boshlaydi, koʻnglini yorib-yorib boshlaydi, dardini toʻkib-toʻkib boshlaydi... Dev boshim bilan insonga bosh egdim, deydi, ta’zim qildim, deydi, qul boʻldim, deydi, ammo el boʻlmadim, deydi...

Yoʻq, kayfiyati yoʻq kunlari otga indamaslik lozim boʻladi, koʻngliga qarash lozim boʻladi!

Shu boisdan Tarlonni oshiqcha zarbalamadim. Toʻda tevaragini aylanib yurdim. Shunchaki tomoshagoʻy boʻldim.

Chimzorda yer yorib chiqqan choʻqir toshlar koʻp boʻldi. Shu bois, chavandozlar koʻziga qarab chopdi. Otlarini qoqilib ketishdan avaylaydi.

Oqtuyoq otlar bir chetda tomoshagoʻy boʻldi. Boisi, oqtuyoq otlar toshli yerda chopolmaydi. Toshlar tuyogʻini urib tashlaydi.

Koʻpkari oxirida bakovul jar soldi:
— Chavandozlar deyman-ov, bugun ot kam keldi! Uzoq-yaqindagilar toʻyning ikki kunidayam koʻpkari boʻlishini bilmagan-da! Shu boisdan qobil polvon ertaga katta koʻpkari beradi! Armonda qolma!

Uyda Tarlonni iliq suv bilan yuvdim. Qashilab-qashilab parvarishladim.

Xufton vaqti-xufton vaqti toʻyxona tevaragini aylantirdim. Karnay-surnaylar ovozini eshittirdim, toʻyxona havosini oldirib-oldirib keldim. Keyin, hovli etagiga solqi qilib boyladim.

Yarim kechada Tarlon kishnadi.

Tashqariladim, Tarlondan xabar oldim.

Tarlon old oyoqlari bilan yer tirnadi. Qoziqni aylanib-aylanib chopdi. Pishqirib-pishqirib chopdi.

Toʻy havosi Tarlonni qoʻzgʻadi. Toʻy havosi Tarlonni koʻpkariga chorladi!

Tarlon tushkun kayfiyatdan foriq' boʻldi!

27

Ertasi kuni otlar serob boʻldi. Ot koʻpligidan binoyiday otlar-da toʻdaga tumshugʻini tiqolmadi.

Bir osh pishirim vaqt oʻtdi. Uloq yerdan qimirlamadi. Qimirlasa-da, besh-oʻn odim sudralib borib, tagʻin tushib qoldi.

Oxiri bir Choʻbir ot enlik koʻkragi bilan toʻdani yorib-yorib, uloqni olib chiqdi. Toʻda chetida chagʻir otliq bir chekkagir chavandoz uloqni poylab turib edi, shu chekkagir chavandoz chagʻir otini Choʻbir yonidan soldi. Jipslashib keldi-da, uloqni yuldi-ketdi. Ellik-oltmish qadamcha chopib bordi.

Katta-katta koʻpkarilarda uloq toʻdadan sagʻal chiqsa boʻldi, halol boʻladi. Shu bois bakovul darrov qamchisini boshi uzra koʻtardi:
— Halo-o-ol! Tashla, Chagʻir, tashla! — dedi.

Birodarlar, chekkagir chavandoz oʻroqda yoʻq, mashoqda yoʻq, xirmonda hozir chavandoz boʻladi!

Chekkagir chavandoz toʻda chekkasida gir boʻlib poylab yuradi! Shu sababli-da ularni chekkagir deydilar. Oʻzlari-da, otlari-da chekkaga oʻrgangan boʻladi. Chekkagirlar toʻdadan uloq ololmaydi. Chekkada turib, tayyor oshni poylaydi. Uloq toʻda¬dan chiqdimi, boʻldi, chekkagir uloqni tulkiday ilib ketadi.

Uloqni toʻdadan olib chiqqan chavandoz esa, mehnatiga kuyib qoladi!

Men ming azob bilan uloq olib chiqdim. Mening ulogʻimni-da shu Chagʻir chekkagir yulib ketdi. Men sonimga urdim, attanglab qola berdim.

Chagʻir chekkagir boshga bitgan balo boʻldi.

Shunda men, bir ustalikni qoʻlladim. Uloqni oldim-da, kun tarafga qarab ot soldim. Kunga yuzma-yuz chopdim.

Yonimda kelayotgan Chagʻir ot yoʻlda qolib ketdi. Boisi, Chagʻir otning koʻzi koʻk boʻladi! Kunga qarab chopolmaydi! Koʻzlari shafaqlanadi!
— Tarlonniki halol, Tarlonniki halol! Tarlon, ma, haqing! Chavandozlar, endi qoralik qoʻyaman! Mana! — dedi bakovul.

Bakovul shunday deya bir yirtim qizil matoni koʻz-koʻz etdi. Matoni yarim qulochcha choʻp uchiga ildirib, bayroqcha qildi. Bayroqchani chimzor chetidagi kattaroq oʻchoqday chuqur labiga qadadi.
— Mana shu chuqur qoralik! Kimki uloqni shu chuqurgacha olib kelib tashlasa bir qoʻy, ellik soʻm pul, bir toʻn oladi! Qulogʻi ogʻirlar boʻlsa, qaytarib aytaman...

Qoralik — koʻpkarining eng mushkuli, eng qiyinidir. Shu sababli-da koʻpkari gʻururidir, koʻpkari yuzidir. Qoralikni halollash chavandozga-da, otga-da faxr! Uloqni qoralikka bir marta olib borib tashlash, toʻdadan uch marta uloq ayirishdan ziyod!

28

Koʻpkari qizigandan-qizidi.

Shu vaqt, Joʻra bobo ot yoʻrttirib keldi.
— Ziyodulla chavandoz, bizning toʻriqniyam bir koʻring, ukam, — dedi.

Joʻra bobo shunday deya, otdan tushdi. Jilovni menga uzatdi. Men Tarlon jilovini unga berdim. Boboning qora toʻrigʻini mindim.

Joʻra boboning gapini yerda qoldirib boʻlmaydi. Joʻra bobo oltmishdan oshib qoldi. Ammo farzandi yoʻq...

Ikki marta uylandi. Ikkovida-da farzand boʻl¬madi. Uchinchisiga uylandi. Bundan-da boʻlmadi. Qoʻyib yuborgan ayollari boshqalarga tegib-tegib ketdi. Bolalik boʻlib-boʻlib ketdi.

Shunda, Joʻra boboning boshi egilib qoldi. Yuzi koʻksiga qarab qoldi. Davralarda dasturxondan koʻz olmadi. Koʻchalarda etiklari uchiga qarab yurdi. Ovozini qoʻyib gapirolmadi...

Joʻra bobo bir nimaga e’tibor berdi. Joʻra bobo, degan ot eldan qoldi. El oʻzini, yo, uyini koʻrib, Joʻra boboni esladi. Koʻrishib, bardammisiz, Joʻra bobo dedi. Bu uy Joʻra boboniki, dedi.

Boshqalarning oti boʻlsa, hamisha el ogʻzida boʻldi. Aytaylik, hamsoyasining oʻgʻli maktabga boradi. Muallim yoʻqlama qiladi. Murodov, deydi. Hamsoyasining oʻgʻli sapchib turadi, men, deydi. Sinfga bir kunda oltita muallim kiradi. Demak, hamsoyasi Murodning oti olti bor jaranglaydi. Hamsoyasining sakkiz bolasi bor. Bari maktabga boradi. Har birovi otasining otini kuniga olti marta jaranglatadi! Demak, hamsoyasi bir kunda qirq sakkiz bor el ogʻziga tushadi!

Yana tagʻin, koʻchalarda necha martalab oti aytiladi. Bu kimning oʻgʻli? Murodning oʻgʻli? Bu kimning qizi? Murodning qizi!..

Joʻra bobo joniga toʻydi. Bir tushda qoradori yedi. Ustidan sovuq suv ichdi. Yorilib oʻlmoqchi boʻldi!

Bir chinni kosa suvni ogʻziga olib bordi. Lablariga tekkizdi. Shunda, birdan aynidi. Mardona-mardona, achchiqma-achchiq ish qilish fe’li tutdi! Suvni zarda bilan otib yubordi. Kosa chil-chil boʻldi...

Mol-qoʻylarini sotdi. Puliga qaymoqrang «Jiguli» oldi. Rulni hamsoyasining toʻngʻich oʻgʻliga berdi.
— Aytgan yerimga mindirib borib kelsang boʻldi, — dedi. Asl maqsadi boshqa boʻldi. Asl maqsadi — mashinasi koʻchani changitib yursin, odamlar bu Joʻra boboning mashinasi, desin. Joʻra boboning mashinasi qaymoqrang, desin. Yoʻlda GAIlar ushlab ujjat koʻrsin, Joʻra bobo, degan nomni oʻqisin...

Joʻra boboning bundan-da koʻngli toʻlmadi. Mashinasini pulladi. Puliga ana shu Toʻriqni oldi. Farzandlar nasibasini-da, farzandlar rizqi roʻzini-da ana shu Toʻriqqa yedirdi...

Qaridi, oʻzi uloq chopmadi. Shunday boʻlsa-da, toʻriqni koʻpkarilarga boqdi, koʻpkarilarga shayladi. Chavandozlar bilan olislardagi koʻpkarilarga bordi. Birovning oti tolib qolsa, yo yaramay qolsa, ana-shu chavandozga Toʻrigʻini berdi.

Joʻra boboning dardi yolgʻiz boʻldi, dardi ezgu boʻldi: toʻrigʻi uloqni ayirsin. Bakovul uloqni Joʻra boboning oti ayirdi, deya jar solsin. Joʻra boboning oti, kel, haqingni ol, desin. Koʻpkari ahli Joʻra bobo degan nomni eshitsin. Qulogʻi ogʻirlar uloqni kim oldi, deya qayta soʻrasin. Shunda bakovul, uloq¬ni Joʻra boboning oti oldi, deya qayta-qayta jar solsin. Joʻra bobo degan nomni olam-jahon odam eshitsin...

Bakovullar-u chavandozlar Joʻra bobo dilidagini darrov ilgʻab oldi.

Koʻpkarilarda Joʻra bobo toʻrigʻini marhamat etsa, chavandozlar yoʻq demadi. Koʻngliga qaradi. Joʻra bobo toʻrigʻini bersa berdi, bermasa, atayin soʻrab oldi.

Bakovullar Joʻra bobo koʻnglidan bordi.

29

Joʻra boboning toʻrigʻiga qoralikni koʻrsatib keldim, qoralikni iskatib keldim.

Xiyol oʻtdi, toʻda guvillab qoʻzgʻoldi. Uloqni bir Chil ot olib chiqdi.

Birodarlar, Chil otning bir yeri koʻk, bir yeri oq, yana bir yeri qora boʻladi. Shu boisdan chil-da!

Chil yoʻlini chap solib-chap solib chopdi. Chagʻir chekkagir Chilga yaqin-da borolmadi. Chekkagir armonda qoldi.

Bakovul qamchisini boshi uzra silkidi.
— Bekor, Chilniki bekor! Qoralikka tushmadi!— dedi.

Chin, uloq chuqur labida ilashib oldi. Uloq chuqur ichiga tushsagina halol boʻladi.

Bakovul uloqni qoralikdan xolisga olib borib tashladi.
— Chavandozlar, qoʻyilgan zotlar joyida qoldi! Ol-ha, ol! — dedi.

Boyanagi chil ot uloqni tagʻin olib chiqaman dedi. Bir havasim keldi, bir hayratim keldi. Nimaga endi faqat shu chil ot olayapti? Hatto chekkagirlarni-da dogʻda qoldirayapti?

Farosat bilan qaradim. Bir talay uzangi yoʻldoshlari Chil ot tevaragini oʻradi. Chil chavandozi uloqni xotirjam uzalib oldi. Toʻdadan sugʻurila boshladi. Uzangi yoʻldoshlari oʻzga otlarni Chilga yoʻlatmadi, yoʻl bermadi. Goʻyo uloq¬qa talashayotgan boʻlib, Chil otni oʻrab-oʻrab chopdi. Chil sagʻrisiga qamchilab-qamchilab, madad berib-madad berib chopdi.
— Darband! hayda, Darband! Gʻayrat qil, Darband! — deyishib chopdi.
— Bos, boʻsh kelma, Darband! — deyishib chopdi.

Demak, bular darbandlik chavandozlar boʻldi. Darbandlik chavandoz uloqni taqimiga bosib oldi. Ayqirib-ayqirib ot qoʻydi:
— Oho-hay, oho-hay, oho-hay! Hay otam, hay otam-a, hay otaginam-a! Hayda-ya!..

Birodarlar, Darbandlik chavandoz otni otam deyapti, otam! Ahay-ahay!

Chil ot bu safar uloqni dangal tashladi.
— Halo-o-ol! Chil, chil deyman-ov! Uloqni olgan yeringga olib borib tashla! Chavandozlar, endigi zotga katta bir hoʻkiz qoʻyildi. Soʻysang bir toʻyni toʻydiradi! Ol, armonda qolma!

Toʻda yana qoralikka qarab ot qoʻydi. Uloq bu gal «8-Mart» kolxozilik Samanda boʻldi.

«8-mart»liklar haybarakalla qildi:
— Qoʻyma, «8-Mart», qoʻyma!

«8-Mart», ehtiyot boʻl, ketingdan Chagʻir borayapti!
— Bos, joning boricha bos!
— «8-Mart», otni qamchila!

Hoʻkiz «8-mart»liklarda ketdi.

30

Endigi uloqni men olib chiqdim. Otlar oldimni oldi. Yoʻlimni yopib chopdi, yonlarimni yopib chopdi. Otlar meni qoralikka yoʻlatmadi.

Birodarlar, yolgʻiz otning changi chiqmaydi, changi chiqsa-da, dongʻi chiqmaydi!

Alamimdan xunob boʻldim. Oʻzimizning chavandozlarga baqirdim:
— Jonlaring bormi?! Kelinglar-da endi!

Shundagina bizning chavandozlar oʻziga keldi. Gapni bir yerga qoʻydi.

Men yana uloqqa kirdim. Uzalib, uloqni yerdan uzdim. Joʻra boboning toʻrigʻi olgʻa yurdi.

Bakovul jar soldi:
— Uloqni joʻra boboning oti koʻtarayapti, Joʻra boboning!

Besh-olti qoʻl uloqqa uzaldi. Ammo men kuch bermadim. Uloqni bor kuchim bilan ushlab oldim. Toʻdadan sugʻurilib chiqdim.
— Uloq Joʻra boboning otida! Eshitmadim demanglar, Joʻra boboning otida!

Uzangi yoʻldoshlarim tevaragimni olib chopdi. Oʻzga otlarga yoʻl bermadi. Joʻra boboning Toʻrigʻini qamchiladim, haybarakalla qildim.
— Ha, bos, Joʻra boboning oti!
— Ha, selkillagan yolingdan aylanayin! Hayda-ya, Joʻra boboning oti!
— Iy-iy-iy, iy-iy-iy!..

Dupur-dupur-dupur... Otlar pishqirdi, otlar kishnadi. Yollar selkilladi. Dumlar tovus pati misol yoyildi. Tuyoqlar ostidan chang oʻrladi. Dupur-dupur-dupur...

Joʻra boboning oti qoralikka zabt bilan keldi. Chuqurdan sapchib oʻtdi. Shunda uloqni qoʻyib yubordim.
— Hal-o-ol! Joʻra boboning toʻrigʻiniki halol! Joʻra boboning toʻrigʻi, kel, haqingni ol!

Haqni olib, Joʻra boboning oldiga bordim. Joʻra bobo jilmayib, bosh irgʻadi. Tevarakka gʻolibona ham xushvaqt qaradi. Koʻrdilaringmi, uloqni biz¬ning otimiz oldi, degan boʻldi.

31

Qish qaridi.

Havoda koʻklam isi anqidi. Boychechaklar ketidan qoraqoshlar ochildi.

Koʻklamni bagʻrimga bosdim, toʻyib-toʻyib iskadim.

Bir gap eshitib, koʻklam kayfiyatim qish boʻldi. Koʻklam rangim sindi.
— Jamiki otlar goʻshtga topshirilar emish.

Kolxoz radiouzeli shunday dedi.

Brigadir uyma-uy yurib aytdi. Vajini soʻradim. Brigadir yelka qisdi. Koʻrsatkich barmogʻi bilan shipni koʻrsatdi.
— Bari yuqoridan, bizda gap yoʻq, — dedi.

Brigadir aytgan yuqoridan odam keldi. Idora oldida koʻrdim. Yonida ikkita militsioneri-da bor.

Kattalar uyma-uy yurib, ot oldi.

El ot bermayin desa — kattalar! El yoqalashayin desa — yonida shapkalar!

El ostonagacha otlariga ergashib bordi.

El qonqora qaqshadi.

El dardi ichida boʻldi.

32

Ha-e, dedim, peshonada borini koʻramizda-e, dedim.

Hofiz qassobdan ikki kilo qoʻy goʻsht oldim. Belboqqinamga tugib, uyga keldim. Supada chordana qurib, goʻsht nimtaladim. Lahimni bir yoqli, suyakni bir yoqli qildim. Ukkagʻar Hofiz qassob sersuyak qilib beribdi. Xiyla ovora boʻldim.

Shu vaqt, Tarlon pishqirdi.

Koʻzimni goʻshtdan olib qaradim.

Tarlon joyida telbalarcha irgʻishladi. Oʻzini uyoqqa urdi, buyoqqa urdi. Tasir-tusur yer tepdi. Old oyoqlari orasiga tumshuq tiqdi. Qorniga tumshuq choʻzdi. Sagʻriniga tumshuq choʻzdi. Tumshugʻi sagʻrinlariga yetib-etmadi.

Dumlari bilan sagʻrinlarini urdi, qorinlarini urdi.

Orqa oyoqlarini ketiga siltab-siltab pishqirdi. Goʻyo bir nimani tepgan boʻldi.

Men avval-avval, Tarlon shoʻxlashib oʻynayapti, deb oʻyladim.

Yoʻq, Tarlon shoʻxlashib oʻynamadi.

Tarlon dingilladi! Ding-ding etdi!

Shu Tarlon yo ya’juj-ma’juj koʻrdi, yo olaboʻji koʻrdi, deya oʻyladim.

Hadahalab bordim. Tevarak-boshni qaradim. Ya’juj-ma’juj-da koʻrmadim, olaboʻji-da koʻrma¬dim.

Hayron boʻldim. Ot arqonini ushladim.
— Tak-tak, tak deyman! — dedim.

Tarlon shunda-da dingilladi. Dingillab, arqonini yulqidi. Dingillab, arqonini silkidi.

Ketimga chalqayib oyoq tiradim. Arqonni qoʻsh¬qoʻllab tortdim. Shunda-da boʻlmadi. Dal¬banglab-dalbanglab ketdim. Bor-e, deya arqonni qoʻyib yubordim.

Bor e’tiborim bilan qaradim. Bor farosatim bi¬lan oʻyladim. Qarab-qarab topdim, oʻylab-oʻylab topdim.

Bizning Tarlonga goʻbalak doridi!

Goʻbalakda bingak pishiday zahar nish boʻladi. Shu nishini ot badaniga suqib-suqib ola beradi.

Goʻbalak osmondan tushmaydi, yerdan chiqmaydi. Chetdan-da uchib kelmaydi.

Unda, goʻbalak qaerdan keladi? Goʻbalak otning oʻzida boʻladi! Ot deb atalmish har bir jo¬nivorning oʻz goʻbalagi boʻladi!

Goʻbalak otning qaerida bino boʻladi? Goʻbalak otning dumi ostida bino boʻladi!

Shu bois, goʻbalak otpashsha deyiladi!

Bir qoʻlim bilan ot arqonidan mahkam ushladim. Bir qoʻlim bilan kallamdan telpagimni oldim. Telpagimni shaylab turdim.

Goʻbalak ot dumi ostidan chiqdi degandan, telpagim bilan tapillatib urib oʻldirdim.

Joyimga qaytib borib oʻtirdim.

Tarlon tagʻin qozigʻini aylanib-aylanib chopdi. Dirk-dirk oʻynadi. Oʻynab-oʻynab pishqirdi.

Tarlon goʻbalakdan xalos boʻldi-da! Endi, oʻynaydi-da!

Tarlon dumlari yoyildi, yollari hurpaydi. Yol¬lari bir chap boʻynida, bir oʻng boʻynida oʻynadi!

Bir qoʻlim goʻshtda, bir qoʻlim pichoqda qoldi. Koʻzim Tarlonda qoldi! Yo, pirim-ey, yo, pirim-ey! Goʻshtga topshiradi? Shunday zotni-ya? Shunday xushroʻy zotni-ya? Goʻsht qiladigan boshqa jonivor quridimi? Oʻzi, qanday qilib goʻsht qiladi? Mana bundaymi?

Dasturxondagi goʻshtga tikildim. Ana shunday-da? Tarlon hademay shunday boʻladi-da? Lahimi bir yoqli, suyagi bir yoqli boʻladi-da? Eb-ey, eb-ey!

Keyin, kalla-poychasi alohida boʻladi. Tuyoq¬larini itga otib yuboradilar. Itlar tuyoqlarni gʻajib yeydi. Faqat tuyoqdagi nagʻallar qoladi.

Yollari bilan dumlarini koʻmib tashlaydilar. Yollar tuproq ostida chiriydi. Shunday yollar-a? Bu yol emas, ipak, ipak! Bu yol emas, doʻmbira tori, doʻmbira tori!

Tarlon ot emas, Jumanbulbul kuylagan «Qun¬tugʻ¬mish»! Fozil Yoʻldosh kuylagan «Alpomish»!

Gajak-gajak boʻyinlar boʻyin emas, doʻmbira, doʻmbira!

«Kuntugʻmish»ni goʻshtga topshirib boʻladimi? «Alpomish»ni goʻsht qilib boʻladimi?

Tarlon dirkillab-dirkillab oʻynadi. Birdan oyoq ildi. Orqa oyoqlarini keng yoydi. Boshini sarak-sarak qildi. Old oyoqlarini koʻtardi! Tagʻin, tagʻin-da koʻtardi. Old tizzalarini xiyol bukdi. Old tu¬yoqlari yerga egildi. Quloqlari olgʻa ding boʻldi.

Tarlon orqa oyoqlarida tik turdi!

Devor uzra olis-olislarga qaradi. Bobotogʻ choʻqqilariga qaradi. Qaradi-qaradi... bor ovozi bilan kishnadi!

Qishloq uzra kishnash taraldi. Xayol qildim, adirlardan aks sado keldi. Xayol qildim, kishnash Bobotogʻgacha bordi.

Birodarlar, tani jonim rohat qildi! Jonim entikdi, tanim yayradi! Koʻnglim xoʻrsindi, koʻnglim joʻshdi.
— Ahay-ahay! Ha, ovozginangdan-a! — dedim. Oʻzim kulib, oʻzim aytdim!
— Ha, jon! — dedim.

Kishnash emas, rubobiy musiqa eshitganday boʻldim! Doʻmbira sozi eshitganday boʻldim!

Birodarlar, ot — rubobiy musiqa, ot — koʻrkam suvrat!

Bali-e, Tarlonboy-ey, bali-e!

Koʻzim yana qoʻlimdagi goʻsht bilan suyakka tushdi...

Yoʻq-yoʻq, oʻlsam-da yoʻl qoʻymayman...

33

Yarim kechasi Tarlonni jabduqlab mindim. Obshirga ot qoʻydim.

Obshir qishlogʻi kunbotarida oq tuproqli adirlar, tepalar moʻl. Ana shu tepalar nishabida kamarlar moʻl. Tarlonni ana shu zimiston kamarlardan birovga olib kirib bogʻladim.

Kun yoyildi, olam munavvar boʻldi. Ana shunda uyga qaytib keldim. Ta’tillanib, podayotoqqa bordim.

Oqshom vaqti oʻn kilo arpa bilan bir qop samonni aralashtirdim. Qosh qoraytirib, qopni orqalab joʻnadim. Yoʻlda terladim. Dam olib-dam olib bordim. Qopni kamarga suyab qoʻydim. Kaftimda gugurt chaqdim. Tarlon koʻrsin, meni tanisin deya, olovni yuzimga olib keldim. Tarlon yemsirab, iltijoli pishqirdi.

Tarlonni yetakladim. Shu yaqindagi ariqdan suvlab keldim. Toʻrvasida yem berdim. Badanlarini qashiladim. Tarlonga qarab-qarab ketdim.

Uyda tamaddi qildim, yonboshladim. Oyoqla¬rimni yozdim. «Vaqt» eshittirishlari-da ado boʻldi. Shunda, toʻshakka oʻtib yotdim. Koʻzim ilindi, koʻzim ketdi.

Bir mahal, ayolimiz turtdi.
— Tursin, birov chaqirayapti, — dedi.

Uyqusirab, qoʻzgʻoldim. Choponimni yelkamga tashlab, tashqariladim.

Olapar itimiz darvozaga tarmashib-tarmashib hurdi. Olaparimizga doʻqlab-doʻqlab bordim. Olapar dumini likillatib-likillatib, oʻzini chetga oldi.

Darvozani ochib qaradim. Ostonada raisimiz, undan keyin doʻppili odam bilan ikkita militsioner boʻldi.

Raisimiz boshi bilan doʻppili odamga ishora qildi.
— Bu kishi rayon vakili, qishloq xoʻjalik boshqarmasidan, — dedi.
— Binoyi, binoyi. Qani, ichkarilangizlar.

Doʻppili odam ichkariladi. Ketidan boshqalari ergashdi.

Kattalarga sinchiklab-sinchiklab qaradim. Doʻppili katta mendayin bir kal boʻldi. Oʻzimizdan ekan, dedim.

Kal katta tevarakka alangladi.
— Ot qani? — dedi.
— Qanday ot? — dedim.
— Ot qanday boʻladi? Toʻrt oyoqli, ikki quloqli ot-da.
— Menda unday ot yoʻq, katta. Kaldan taroq soʻrama, deydilar. Siz boʻlsa, ot soʻrab oʻtiribsiz.
— Top, top, kallani garang qilma! Adi-badi aytishib oʻtirishga vaqt yoʻq. Senga oʻxshaganlar¬ning soni mingta!
— Menda ot nima qiladi, katta. Ana, qarangiz¬lar. Boʻlsa olib keta beringizlar.

Kal katta barmoqlarini oʻynatib, militsionerlarga imo qildi.
— Tintinglar! — dedi.

Militsioner bilakday xitoyi fonarlarini yoqdi. Molxona, otxonalarni qarab keldi.
— Oʻzi yoʻq, tezagi bor ekan, — dedi.

Kal katta menga yuzlandi.
— Ana, tezagi bor deyapti-yu? — dedi.
— Men sizga aytsam, katta, eshikli uy, meh¬monlarning oti tezak tashlagandir-da. Tash¬lama deb boʻlmaydi, mehmon ot.
— Familiyang nima? Xoʻ-oʻsh, Qurbonov, ta-a-ak, Qurbonov Ziyodulla. Mana, roʻyxatda tu¬rib¬san, oting bor. Gap shu, ertaga yana kelamiz. Otni topsang topding, topmasang, oʻz oʻpkang oʻzing bilan boʻlsin!

Kal katta darvozaga qarab yurdi. Ketidan mili¬tsionerlar shaxdam odimlar otib joʻnadi. Raisimiz kattalar ketidan pildirab ergashdi.

Shunda, ichkaridan onamiz chiqib keldi.
— Ayt, ulgu berib ketsin, — dedi.

Kattalarga darvoza ostonasida yetib oldim.
— Katta, uyda chaqalogʻimiz bor, otini Ibrohimboy deydilar.

Kal katta yelkasi bilan gapirdi:
— Nima qilay shunga?
— Chaqaloqli uyga bemahalda kelib boʻlmaydi. Mabodo birov bilmasdan kelib qolsa, undan ulgu olib qolish lozim.
— Qaerdan olasan?
— Bizga baribir. Oʻngiringizning uchidan maydagina bir ip boʻlsa-da mayli. Ayollar chaqaloq¬li uyda ipni isiriqqa qoʻshib tutatadilar.
— Endi, shungayam etagimni yirtaymi?
— Yoʻq, yirtish darkor emas, katta. Kiyi¬mingizga ilashgan biron-bir qil boʻlsa-da boʻladi.

Kal katta qoʻl siltadi. Yoʻliga burilib ketdi.

Men qaytib keldim.
— Ulgu bermadi, — dedim.

Onamiz qargʻab-qargʻab ichkariladi. Taypoq toboqda isiriq tutatdi. Chaqaloqli uyni uch aylantirdi. Ziyon-zahmatlarni quvdi.

34

Kattalar xoʻjakoʻrsinga lalmi doʻq urib ketdi, deb oʻyladim.

Yoʻq, ertasi kuni tagʻin keldi.

Iskalanib-iskalanib otxonani qaradi, chaqaloqli uyni qaradi.

Kattalar qiligʻi hamiyatimga tegdi. Tishimni tishimga zoʻrgʻa bosib turdim.
— Xoʻsh, qani? — dedi kal katta.
— Nima qani?
— Ot!
— Ot? Katta, siz menga qaysi bozordan ot olib berib edingiz? Denovning bozoridanmi, yo, Shoʻrchining bozoridanmi?
— Tishingni koʻp gʻijirlatma, biz sendan qoʻrqmaymiz! Yaxshilikcha otni chiqar! qoʻsha qoʻsha mol, qoʻy, tovuq, ot... buncha hayvonni nima qilasan? Ana, magazinda hamma narsa muhayyo. Goʻsht deysanmi, sut, kefir deysanmi...
— Katta...
— Nima, yo, kapitalist boʻlmoqchimisan? Kechirib qoʻyasan! Biz sotsialistik jamiyatda yashayapmiz! Hademay kommunizmda yashaymiz! Toʻgʻrimi, oʻrtoq rais?

Raisimiz labbaygoʻy boʻldi.
— Toʻgʻri, kommunizm sari bormoqdamiz! — dedi.
— Yo, ot minib bosmachi boʻlmoqchimisan? Kechirib qoʻyasan! Oʻzi, ajdodingda bosmachi oʻtmaganmi? Bir tekshirib koʻrish kerak...
— Katta, unday demang. Otam bechora Sovet tuzumini deb qurbon boʻldi. Otga kelsam, ot — yigit¬ning yoʻldoshi, katta. Qolabersa, ot bilan koʻpkari chopamiz.
— Iya-iya, sen oʻzi qaysi jamiyatda yashayapsan, miya? Shu paytgacha eshakning qulogʻiga tanbur chertyapmanmi? Koʻpkari — eskilik sarqiti! Koʻpkari — yovvoyilar oʻyini!
— Katta... oʻzi, kal kalla — kalla emas ekan-da! Bir mening kallam shundaymikin desam, siznikiyam menikidan qolishmaydi!..
— Oʻchir-e...
— Katta, enamni soʻkmang. U bechora ichkarida nevarasiga qarab oʻtiribdi. Sizga bundayin beposhna gaplar ep boʻlmaydi.
— Oʻchir deyman-e...
— Esa, men ham sizning...

Gapim oxiriga yetmay qoldi. Kal katta quloch¬kashlab jagʻimga urdi. Qoʻli ayolning qoʻliday ekan, jagʻim ogʻrimadi. Gapimni oxirigacha yetka¬zib aytdim.

Shunda kal katta ketimga tepmoqchi boʻlib shaylandi. Men oʻzimni chetga oldim. Chap berib qoldim.

Kal katta oʻz shashti bilan, oʻz zabti bilan supadan uchib ketdi. Chuqurga borib tushdi.

Raisimiz dovdirab qoldi.
— Eb-ey, eb-ey!.. — dedi.

Chuqurga sakrab tushdi. Kal kattani suyab olib chiqdi.

Kal katta hansirab-hansirab nafas oldi. Qoʻli bilan meni koʻrsatdi.
— Ushlanglar, banditni ushlanglar! — dedi.

Ikki militsioner ikki yonimdan keldi. Qoʻlla¬rimni ketimga qayirdi. Ketimga bir tepdi. Kolxoz idorasiga olib bordi. Maydagina mashinaga bosib joʻnadi.

Yoʻlda qusib-qusib bordim.

Birodarlar, benzin isini yomon koʻraman! Ben¬zin boshimni aylantiradi. Koʻnglimni aynitadi, qustiradi. Osmondan tushganday boʻlib qolaman.

Rayonga keldim. Organ oldida mashinadan tushdim. Kal katta ketidan chap tarafdagi oynavand xonaga kirdim.

Telefon oldida oʻtirgan militsionerlar oʻrnidan turdi. Kal katta militsionerlarga kiyimlarini koʻrsatdi, dardini aytdi.
— Hamkasblarning bilan davlatga goʻsht olish uchun borib edik, — dedi. — Mana bu tipga otni ber, desam bermadi. Meni tutib soʻkdi. Onam ham qolmadi, xotinim ham qolmadi. Keyin, bir urib chuqurga agʻanatib yubordi. Mana fakt — ust-boshim loy! Hamkasblaring jonli guvoh! Ana, rais ham bor. Toʻgʻrimi, rais?
— Toʻgʻri! Toʻgʻri! Chuqurga yumalatib yubordi! — ma’qulladi rais. Bir militsioner soʻkinib, oldimga keldi.
— Uh, hayvon, uh bandit! Sen hali rahbarlarga qoʻl koʻtaradigan boʻldingmi? — dedi.

Militsioner ichimga urdi. Men ichimni ushlab, boshim bilan devorga suyandim. Koʻnglim ozdi, koʻz oldim qorongʻi boʻldi. Odamlar goh uchta, goh toʻrtta boʻlib koʻrindi... Xona bir yumalab, yana joyiga keldi.

Militsioner kal katta oldiga qogʻoz qoʻydi.
— Mana, raport yozib, boshliqqa olib kiring. Buni bir tiqib qoʻyaylik, koʻzi ochiladi.

Kal katta qogʻozni toʻlgʻazib, olib ketdi. Xiyol oʻtib, yana qaytib keldi.
— Tush oldimga! — dedi.

Men oldiga tushdim. Tor yoʻlakdan hovliga chiqdim. Keyin yana bir xonaga kirdim.

Xona toʻrida baqaloqli bir odam oʻtiribdi. Oʻtirishidan katta odam koʻrindi. Yelkasidagi yulduzlari-da katta-katta boʻldi.

Kal katta qoʻli bilan meni koʻrsatdi.
— Mana bandit! — dedi.

Toʻrdagi katta vazmin ovozda soʻradi:
— Nega rahbarlarni urasiz, oʻrtoq Qurbonov?

Men bor gapni qoʻshib-chatmay aytib berdim. Toʻrdagi katta endi nima deysiz, degan boʻlib, kal kattaga qaradi. Kal katta oʻrnidan turib ketdi.
— Yolgʻon! U oʻzini oqlayapti! Biz rahbarlarga ishonasizmi, yo, mana shunga oʻxshagan podachiga ishonasizmi?
— Albatta rahbarlarga ishonaman. Rahbarlar yolgʻon gapirmaydi.
— Boʻpti-da!

Oʻpkam toʻlib-toʻlib keldi. Dimogʻimda mingʻirladim:
— Katta bova, meni melisalaringiz urdi...
— Nima-nima? Urdi?
— Eshik oldida urdi. Hushdan ketib qoldim....
— Unday boʻlishi mumkin emas, hozir chaqiramiz.

Ostonada ichimga urgan militsioner qora berdi. Qoʻlini chekkasiga tekkizib gʻoʻdaydi.
— Buyrugʻingizga binoan keldim, oʻrtoq polkovnik! — dedi.
— Leytenant Ismatov, ayting-chi, nega bu kishini urdingiz?
— Kimni? Qoʻlimniyam tekkizganim yoʻq, oʻrtoq polkovnik!
— Urdi deyapti-ku.
— Sof leytenantlik soʻzim, qoʻl koʻtarganim yoʻq! Ana, serjant Xalilov ham bor, chaqirib soʻrashingiz mumkin.

Oʻng qoʻlimni qornimga qoʻyib koʻrsatdim.
— Manavi yerimga urdi... — dedim.

Shunda kal katta gapga suqildi.
— Qoʻliniyam tekkizgani yoʻq, oʻzim ustida edim! — dedi.

Toʻrdagi katta menga yuzlandi.
— Ana, eshitdingizmi, oʻrtoq Qurbonov? — dedi. — Biz urmaymiz! Sovet militsiyasi urmaydi!

35

Badboʻy hujrada yotdim.

Hujrada kun-da bir boʻldi, tun-da bir boʻldi.

Bir mahal temir darvoza sharaqlab ochilib, sharaqlab yopildi.

Birov ichkariladi.
— Kal, qaerdasan? — dedi.

Ichimga urmish militsioner ovozini darrov tanidim.

Joyimdan turdim. Darvoza taraf yurdim.

Militsioner yoqamdan bir qoʻllab ushladi. Bir-ikki silkiladi.
— Nimaga meni boshliqqa sotding? — dedi.
— Sotmadim, birodar, bor-yoʻgʻi urganingizni aytdim, — dedim.
— Urdim? Qachon urdim?

Militsioner chotlarim oralatib tepdi.
— Men urdimmi?

Militsioner sozlab tepdi.
— Seni urdimmi?

Militsioner yomon tepdi!
— Men-a? Seni-ya?..

Chotlarim uyushib-uyushib ogʻridi. Achishib-achishib ogʻridi.

Ketim bilan shilq etib tushdim...

Tong-saharlab badrabxona tozaladim. Hovli supurdim. Koʻcha supurdim.

Onamiz bilan ayolimiz xoʻrak olib keldi.

Onamiz yigʻlab-yigʻlab hol soʻradi.

Ayolimiz kuyib-kuyib koʻngil soʻradi.

Onamiz bilan ayolimiz biri qoʻyib biri qargʻadi:
— Senlar mening bolaginamni oyoqosti qilgan boʻlsang, sen shapkalarni xudoyim xudovando oyoqosti qilsin!
— Xudoyim xudovando, bolaginangning oʻlganini koʻr, sendaychikin shapkalar!
— Xudoyo, shu otlar bilan qoʻshilib, oʻzing ham goʻsht boʻlib ket, sendaychikin shapkalar!
— Xudoyo, qirgʻinning oldida qirilib ket, sendaychikin shapkalar!
— Ilohi omin, xudo bandam desa, Muhammad paygʻambar ummatim desa, shul shapkalar elga ermak, xalqqa shaloq boʻlsin, ollohu akbar!

Onamiz bilan ayolimizga Tarlonni aytmadim.

Ayol zoti ogʻzi boʻsh boʻladi. Birov-yarimga aytib qoʻyadi.

Qolabersa, Tarlonni yolgʻiz oʻzimga oʻrgatib edim. Shu bois, Tarlon mendan oʻzgani oʻziga yoʻlatmaydi. Oʻzgalar qoʻlidan yem-da yemaydi.

36

Rosa oʻn kunda ozod boʻldim.

Yoʻlda koʻnglimga hadik tushdi. Hadik tanamga-da yoyildi.

Uyim qolib, Obshirga yoʻl oldim.

Adirga oʻrladim. Kamar oldida serrayib qoldim. Ketimga chalqaydim. Koʻkragim otilib ketadiganday boʻldi.

Kamarda... kamarda toʻrt tayoq ustida bir nima turdi. Joni bormi, yoʻqmi, bilib boʻlmadi. Ikkita nima yiltiradi. Koʻzlar boʻldimikin?

Ichkari kirdim. Tarlon boʻyniga osilib-osilib yigʻladim. Toʻyib-toʻyib yigʻladim...

Tarlonni kamardan olib chiqdim. Adirdan pastga yetakladim. Tarlon ohista-ohista pastladi. Pastlayotib, old oyoqlari bukildi. Yigʻilib ketayin-yiqilib ketayin, dedi.

Ariqdan sagʻal suvladim. Ariq yoqalatib yetakladim. Oyoqlarini yozdim. Qashilab yuvdim. Yana suvladim.

Kamarga qaytarib olib keldim. Burchakda turgan qopdan toʻrvada yem olib kelib osdim.

Tarlon jonlanganday boʻldi.

37

Birodarlar, necha-necha qorabayirlar ketiga qarab-qarab ketdi.

Necha-necha jayronlar kishnab-kishnab ketdi.

Necha-necha samanlar goʻsht boʻlib ketdi!

Qishloqda otlar kishnamay qoldi.

Saharlari koʻchalarda ot tuyoqlari tikillamay qoldi.

Oqshomlari otlar tarsillatib yer tepinmay qoldi.

Adirlarda otlar dupur-dupur chopmay qoldi...

Chavandozlar chemakdoshi urushdan qaytmagan boʻzbola misol mungʻayib qoldi.

Kelinlar otda emas, mashinada keladigan boʻldi.

Olamni mashina ovozi buzdi: dut-dut-dut...

Qishloqda ot nomi oʻchdi.

38

Ora sovidi. Qishloq tinchidi.

Ana shunda Tarlonni uyga olib keldim.

Chavandozlar beliga pul oʻrab, Oboqliga yoʻl oldi. Oboqlidan ot olib keldi.

Ot bilan ajab gaplarni-da topib keldi.

Goʻshtga ot olish koʻpga kelgan toʻy emas emish. Oboqli taraflarda otlar bus-butun emish, tus-tugal emish...

39

Bu gap qishloqdagi besh-olti arizaboz qulogʻiga yetdi.

Arizabozlar qulogʻi ding boʻldi. Arizabozlar kechalari uyma-uy yurdi, ariza toʻpladi.

Bir kecha biznikiga keldi. Arizabozlar sultoni boʻlmish Botir mirob sirli ovozda tayinladi:
— Darvoza ichkaridan tambalansin. Hovli chirogʻi oʻchirilsin. Bola-chaqa bu uyga yaqin yoʻlatilmasin. Ichkari eshik zichlab yopilsin. Deraza pardalari tushirilsin. Soʻng, qarshimizga kelib oʻtirilsin!

Botir mirob aytganlarini bajarib keldim. Dav¬raga qoʻshilib oʻtirdim.

Arizabozlar boshimdan kechgan savdoni gapirib berishimni soʻradi.

Men sir bermadim, talmovsiradim. Boisi, oʻshanda oʻn kun yotganim elga doston boʻldi. El orasida yuruvsiz boʻldim. Mana, dostonim deyarli unut boʻldi. Koʻngilsiz dostonimni yana qoʻzgʻagim kelmadi.
— Botir aka, boʻlgan ish boʻldi, buyogʻi sindi. Qoʻying, shu arizabozlikni, — dedim.
— Iya-iya! Hey, ogʻizga qarab gapirilsin! Kim arizaboz? Bizmi? Biz yozuvchimiz, bilib qoʻy, yozuvchi! Xalq yoʻlidagi, haqiqat yoʻlidagi yozuv¬chilarmiz! Anavi gʻazal, roman... yozuvchilar yana nima yozadi, oʻrtoq Hamidov?

Qabatidagi adabiyot muallimi oʻz ulushini qoʻshdi:
— Poema, ballada...
— Ha-ha! Poema, ballada yozuvchilaring yozuv¬chi emas, biz yozuvchi! Mana, biz! Yozuv¬chilaringning asarlarida fakt yoʻq, adres yoʻq! Masalan, mana oʻzimizning Togʻay! Boʻri bechora¬ning oʻgʻli! Oʻlishni kitob qilib yozdi. Endi koʻp¬kariniyam kitob qilayotgan emish. Yozishga yozdi, lekin tekshirtirmadi, chora koʻrdirmadi. Xalqqa nafi tegmadi. Xalq yozuvchilarning kitobini pul sarf qilib oladi. Vaqtini isrof qilib, erinmay oʻqiydi. Keyin... qaygʻuli asarni nima deydi, oʻrtoq Hamidov? Ha-ha, tragediya! Tragediya boʻlsa ta’sirlanib yigʻlaydi. Agar... oʻrtoq Hamidov? Vo-vo-vo, satirik boʻlsa, qah-qah urib kuladi. Bari quruq safsata! Xalqning biron-bir ishini bitkazib bermaydi. Xalqning kam-koʻsti esa achib yotibdi. Xalqqa kim amaliy yordam beradi? Biz! Demak, asl yozuvchi biz! Toʻgʻri, yozganlarimizni kitob qilib chiqarmaymiz. Asarlarimiz turli idoralarda qolib ketadi. Lekin kitob qilib chiqaramiz desak, chiqaramiz. Ana, sandiqda yuzlab shikoyat asarlarimiz nusxasi taxlanib yotibdi. Ikkinchi marta ogʻizdan arizaboz degan gap chiqarilmasin, ha!
— Tavba qildim aka, tavba qildim.
— Shunday boʻlsin! Endi gapirilsin. Boshidan boshlansin.
— Shu, bir kechasi mendan beshbattar iyigʻi chiqqan bir kal keldi. Yonida ikkita shapka-da bor...
— Menga qaralsin, nima, dunyoning ishi koʻp¬karimi? Kal deyilmasin! Oʻrtoq Falonchiev deb aytilsin! Shapkang kim? Militsioner? Menga qaral¬sin, shapka inson emas! Shapka — latta! Shapka— karton qogʻoz! Shapkani javobgarlikka tortib boʻlmaydi! Leytenant Falonchiev, serjant Falon¬chiev deb aytilsin!
— Xoʻp. Oy hamsoyamiz Qulmat polvonning teraklari uchiga osilib qolgan-da...
— Uf-f, mabodo shoir-poir emasmisan? Boʻlmasa nega oydan, yulduzdan gapirasan? Oydan pastga tushilsin! Yerdan gapirilsin! Lirika suvga borib aytilsin! Bizning ishimiz jiddiy, xalq ahami¬yatiga molik ish! Sudlarda qatnashilganmi? Yoʻq? Unda, kolxoz hisobot majlisida kaminaning nutq soʻzlagani koʻrilganmi? Ana, kamina majlisda qanday gapirgan boʻlsa, ana shunday gapirilsin!

Botir mirobning kolxoz umumiy majlisida gapirishini yodladim. Xuddi mirobday qoʻllarimni qornimga qovushtirdim. Boshimni tik tutdim. Kiprik qoqmadim. Dona-dona qilib aytib berdim.

Mirob oldimga qogʻoz bilan qalam qoʻydi.
— Endi qanday aytilgan boʻlsa shunday yozilsin. Nimaga? Beshinchi sinf? Ma’lumoting mendan bir sinf yuqori boʻlaturib yozolmaysanmi? Ha, mayli. Oʻrtoq Hamidov, siz yozing, bu kishi qoʻl qoʻyib beradi.

Birodarlar, arizabozlardan Denov qolmadi, Termiz qolmadi, Toshkent qolmadi. Idorama-idora chopdi.

Arizaboz degani ajabtovur el boʻldi. Boʻlmasa, arizabozlarning otini olmadi. Arizabozlarga yel-yu¬gur, deb, birov bir chaqa bermadi. Arizabozlar oʻzlari yonidan oʻzlari chopdi.

40

Bir safargisida meni-da ergashtirib joʻnadi.
— Boshingdan oʻtgan savdoni oʻz tiling bilan oʻzing aytib berasan, — dedi.
— Oʻzi, qaerga borayapmiz? — dedim.

Botir mirob shahodat barmogʻini labiga bosdi.
— Tish-sh-sh! — dedi.

Arizabozlarga ergashdim. Dushanbega yoʻl oldim. Yoʻlda avtobus derazasidan ikki marta qusdim.

Dushanbedan Moskvaga uchdim.

Umrimda birinchi marta samolyotda uchdim. Qani, koʻrayin, qani, samolyot degan ulov qandaychikin ekan, dedim.

Samolyot bir pasaydi, bir koʻtarildi. Yuragim tovonimga tushib ketganday boʻldi.

Keyin, joyida turib qoldi. Nagʻmasi koʻp boʻldi. Odamning yuragini yordi. Ulov boʻlsang, sidirgʻa yur, ukkagʻarning samolyoti, dedim.

Samolyotdan koʻnglim qoldi. Ulovligi yoʻq ekan, ha, demadim.

Samolyot derazasidan qarab hayron boʻldim. Shundaygina ostimizda paxta uyulib yotibdi! Samolyot tegayin-tegayin deydi.

Qabatimdagi Hamidov muallimga yuzlandim.
— Eh-he, paxtani qarang, paxtani! — dedim.

Hamidov qaradi. Keyin, ketiga chalqayib kuldi. Telpagimni yulib oldi. Taqir kallamga shapatiladi! Kallamga shapatilab-shapatilab kuldi.

Kallamni yelkalarim orasiga oldim. Kaftim bilan bekitdim. Telpagimni tortib olib kiydim. Tagʻin derazadan qaradim. Ana endi bildim. Koʻrinayotgan paxta emas, oppoq bulutlar boʻldi.

Moskvada tushdim, arizabozlar ketidan ergash¬dim.

Moskvada nima koʻp, mashina koʻp boʻldi. Bitta-da ot boʻlmadi!

Avtobusda yurdim-yurdim, bir joyga keldim. Yoʻl chetida turdim, oʻtkinchi-ketkinchi mashi¬nalarga qoʻl koʻtardim. Gʻuj-gʻuj mashinalardan birovi-da toʻxtamadi. Koʻtaraberib, qoʻllarim charchadi. Turaberib, oyoqlarim toldi. Qornim qur-qur qildi. Toqatim toq boʻldi.

Shunda uzun bir mashina jiring-jiring etib kelaberdi. Tezlab kelayapti-da, deb boʻlmaydi, ohistalab kelayapti-da deb boʻlmaydi. Yaqin kelib, yanada ohistaladi. Farosat qildim, qoʻl koʻtarsam, toʻxtaydigan koʻngli bor.
— Ay, Hamidov muallim, bu qanday mashina boʻldi? — dedim.
— Tramvay, — dedi muallim.
— Koʻcha yuzida simyogʻochday boʻlib turamizmi? Ana shu tramvayni kira qilamiz! Xarajati mendan! — dedim.

Hamidov muallim kuldi.
— Tramvay qimmat, — dedi.
— Qimmat boʻlsa boʻlar! Ketsa, bir qoʻyning puli ketar! — dedim.
— Unda, oʻzingiz kira qiling.

Chopqillab bordim. Tramvay oldini oldim. Oʻng qoʻlimni boshim uzra koʻtardim.
— Ay, tramvay, ostanovka! — dedim.

Tramvay jiring-jiring etib oyoq ildi. Tram¬vaychi derazadan qaradi. Menga iyak qoqdi. Ha, nima deysan, degan boʻldi.

Men oʻng qoʻlimni olgʻa sermadim.
— Toʻgʻriga! — dedim. — Aytgan pulingni beramiz! — dedim.

Tramvaychi bosh-adogʻimga qaradi-qaradi-da, bosh irgʻadi. Mayli, degan boʻldi. Boshmoldogʻi bilan tramvay eshigiga ishora berdi.
— Ayda! — dedi.

Shunda eshik taraq etib ochildi. Men lip etib tramvayga minib oldim. Ketimdan arizabozlar mindi.

Arizabozlarga havolanib-havolanib qaradim.
— Ana, bir ogʻiz gap! — dedim.
— Ha, kuchingdan, Ziyodulla kal! — dedi Botir mirob.

Tramvay bir yurdi, bir toʻxtadi. Chayqalib-chayqalib xiyla yurdi.

Bir joyda Hamidov muallim:
— Hozir tushamiz! — dedi.

Birinchi boʻlib men tushdim. Tramvay kira qilish¬ga qildim, endi kira haqini toʻlayin, deya qoʻynimni kovladim.

Shunda Botir mirob:
— Men toʻladim, — dedi.
— Ha-a, binoyi, — dedim.

Shu, Botir mirob koʻpga tushib ketdiyov. Toʻrt odamga kira haqi toʻlashning oʻzi boʻladimi. Tushsa tushar! Nima, mirobga meni ergashtirib kel, dedimmi! Ergashtirib keldimi, toʻlasin-da!

Arizabozlar katta bir idoraga kirib ketdi. Men ostonadagi qorovul oldida qoldim. Arizabozlar oʻr¬gatgan gaplarni ichimda bot-bot qaytarib oʻtirdim.

Nihoyat, arizabozlar chiqib keldi. Kattalar meni yoʻqlamabdi. Arizabozlar gapiga ishonibdi. Yaxshi boʻlibdi. Tagʻin kattalar salobati bosib, duduqlanib qolamanmi, deya qoʻrqib edim.

41

Ertasi kuni Dushanbega uchdim. Oʻtirganlar shahodat barmogʻini likillatib, oʻrtada laylakqushday loʻkillab yurgan qizni imladi. Qiz ularga mayda idishda suv olib keldi.

Mening boshqalardan qaerim kam? Kallam kal boʻlgan bilan, telpakning ostida koʻrinmaydi.

Dadil boʻldim, oʻzimni bir sinab koʻrmoqchi boʻldim. Shahodat barmogʻimni likillatib, qizni imladim. Suv, deya ogʻzimni koʻrsatdim. Qiz bosh irgʻadi, suv olib keldi. Suvni bir yutishda yoʻqotdim. Boshqalarday bosh irgʻadim.
— Oʻlmang! — dedim. — Katta qiz boʻling.

Koʻkragimni kerdim, baqalogʻimni shishirib oʻtirdim.

Oynadan pastga qaradim. Past oʻzimizning Vax¬shivorsoyga kelbat berib ketdi. Qator-qator uylarni koʻrdim. Mayda-mayda qoralarni koʻrdim. Hamidov muallimga, shu bizning qoʻylarmikin, degim keldi. Tagʻin kallamga shapatilashidan qoʻrqdim. Gapimni ichimga yutdim.

Samolyot Dushanbeda gurs etib tushdi.

42

Taksida qishloqqa keldim.

Men qaerga borib keldim? Odamlar buni biladimi? Ana shuni odamlarga bildirgim keldi. Qaerga bordim, qaerda boʻldim, barini aytib, maqtangim keldi. Uyga bormadim. Katta koʻchada ohista-ohista vazmin-vazmin qadamlar bosib yurdim. Odamlarga quyuq-quyuq salomlar berdim. Duch kelgan odam bilan qalin-qalin soʻrashdim. Qozon-tobogʻigacha qoldirmay soʻradim.

El ogʻziga mahtal boʻlib qaradim. El, koʻrinmay ketdingiz, Ziyodulla chavandoz, deya soʻramadi!

Koʻchani tagʻin bir aylanib keldim. El aqalli, kamnamosiz, Ziyodulla kal, demadi! Uch kun-a, uch kun qishloqda boʻlmadim! Yaxshimi-yomonmi, shu elning molini boqayapman. Odamning qad¬riyam shunday boʻladimi. Qadrimga kuydim. Ay, qadrim-a, bechora qadrim-a!

Eldan xafa boʻlib, uyga keldim. Choy ichib, yonboshladim. Oʻngimga agʻdarildim — boʻlmadi, chapimga agʻdarildim — tagʻin boʻlmadi! Tars yorilib ketguday boʻldim!

Moskvada yoʻl-yoʻlakay bir kilocha qand-qurs olib edim. Bola-chaqa qoʻlimga qaraydi, dedim-da.

Ana shundan bir siqimini qoʻynimga soldim. Tarlonni minib, Mamat oshnamiznikiga yoʻl oldim. Devordan boʻylab ovoz berdim.
— Mamat! Mamat uydami, kelin? Uygʻot, gap bor! — dedim.

Mamat ichkaridan uyquli koʻzlarini uqalab-uqalab keldi.

Men, tevarakdagi hamsoya-qoʻllar eshitsin uchun, ovozimni qoʻyib gapirdim:
— Yaxshimisan, dimogʻing chogʻmi? Ma, mana¬vi qandni nevaralarimga boʻlib ber, yesin! Mozor bosib kelgan-da, tabarruk!
— Qaerlardan soʻraymiz?
— Moskva!!!
— «Moskva» kolxozimi?
— Kolxoz? Qanday kolxoz? Sen oʻzi, meni kim deb oʻylayapsan? Men uncha-muncha joylarga bormayman! Borsam, faqat Moskva shahri azimlarga boraman, ha! Faqat Moskva!!. Juda past ketsam, Dushanbelarga shunchaki, yoʻl-yoʻlakay oyoq ilib oʻtaman! Menga qara, kun qiyom vaqti-qiyom vaqti uyingning ustidan bir samolyot uchib oʻtdimi? Qanotlarida parragi-da bor?

Mamat sergak tortdi. Osmonga bir qarab oldi.
— Uchib oʻtganday boʻldi, nima edi?
— Oʻlma! Men senga bir narsa aytayinmi? Shu samolyotning ichida men bor edim!
— Ha, kuchingdan!
— Oʻng yogʻida oʻtirib uchdim! Parrakning shunday yonida, ha!
— Vo ukkagʻar, Gagarin boʻl-ey!
— Kim? Eb-ey, Gagarining kim boʻpti! Osmonga lip etib uchgan-da, qaytib tushgan. Men toʻrt osh pishirimdan-da koʻp uchdim!
— Eh-e-e! Yoril-e, bachchagʻar-e, yoril-e!
— Koʻrib turibsan, chakana odam emasman! Endi men bilan oʻylab gapirish!
— Boʻldi, boʻldi, taraf yoʻq.
— Yana bir gap. Samolyot osmonda varrakka oʻxshagan bilan mayda emas ekan, ha! Ichi Obshirning kamariday keladi!
— Kir uyga, choy ichamiz.
— Yoʻq, ishim zaril. Shunday oʻtayotib, bir hol-ahvol soʻrashib ketayin dedim...

Jilovni boʻshatdim. Tarlon yoʻl oldi.

Birodarlar, parday yengil boʻldim!

43

Birodarlar, Moskvadan odam kelibdi. Shlyapasi bor emish!

Shlyapali odam rayon kattalarini yigʻibdi. Kal kattani oʻrtaga olibdi. Ana shunda masala oydin boʻlibdi.

Oydin boʻlishicha, hukumat, hamma oʻz imko¬niyatiga yarasha goʻsht topshirsin, debdi. Buyruq rayonga kelibdi. Rayon kattalari kal kattani bizga vakil etib yuboribdi.

Kal katta bir zina yuqori oʻsmoqchi boʻlibdi. Oʻsish uchun goʻsht topshirishdan foydalanmoqchi boʻlibdi. Qaysi yoʻl bilan boʻlsa-da, goʻsht topshirishni muddatidan oldin, oshirib bajarib, kattalarga yaxshi koʻrinmoqchi boʻlibdi, yelkasiga qoqtirmoqchi boʻlibdi. Shu yoʻl bilan koʻzlagan amaliga minmoqchi boʻlibdi.

Birodarlar, bir kalning hiylasi — qirq kishini charchatadi!

Kal katta oʻz niyatiga elni talab erishmoqchi boʻlibdi, elni xoʻrlab erishmoqchi boʻlibdi.

Shlyapali katta kal kattani urishib-urishib, amalidan olibdi. Partiyadan oʻchirmoqchi boʻlibdi.

Shunda, kal katta hoʻng-hoʻng yigʻlab qoʻya beribdi. Shafqat qilibdi.
— Erkak odamning yigʻlagani — oʻlgani, — debdi.

Birodarlar, haq saqlasa balo yoʻq, haq qargʻasa davo yoʻq!

Ayni kunlarda kal katta choyxonada yonboshlab yotar emish.
— Haqiqat yoʻq, bu dunyoda haqiqat yoʻq... — der emish.

Birodarlar, oʻzing yaxshi — olam yaxshi, oʻzing yomon — olam yomon!

Choynagidagi choyi oq emish! Oʻzi quyib, oʻzi ichar emish.

Elga ermak, xalqqa shaloq emish!

44

Birodarlar, shukur-shukur, arizabozlarning boriga shukur!

Arizabozlar nohaqlikka yoʻl qoʻymaydi. Harom-tomoqlarga kun bermaydi. Elning haqini birovga yedirmaydi.

Arizabozlar boʻlmasa, kattalar biz avom elni bozorda sotib yeydi! Arizabozlar boʻlmasa, kattalar biz avom el ogʻzidagi oshni yulib oladi!

Arizabozlarga mehrim tushib qoldi!

Bozor oqshomi barcha arizabozlarni uyimga aytib keldim. Boqib yotgan bir qoʻyimni soʻyib berdim.

45

Qishloq tagʻin otlarga toʻldi.

Chavandozlar otlarini boylovga tashladi.

Tarlonni-da boylab boqdim.

46

Qarluqda toʻy boʻldi.

Shu toʻyga yoʻl oldim. Yoʻlda Tarlon tezak tashlab-tashlab bordi. Ajabo, bundaychikin qiligʻi yoʻq edi...

Bir muallimnikiga tushdim. Qoziqni molxona yoniga qoqdim.

Tarlon quloqlari shalpaydi. Boshi egildi. Devor kavagiga munis termilib qoldi. Yem yemadi. Irimiga labini-da tegizmadi.

Koʻnglim hadiksiradi. Tomogʻimdan tuz oʻtmadi. Tarlondan koʻz uzmadim.

Uzangi yoʻldoshlarim-da oromini yoʻqotdi. Qarluqda otni zoʻr biladigan bir sinchi chol boʻldi. Ana shu cholni aytib keldi.

Chol Tarlonni aylanib koʻrdi. Enkayib, koʻzlariga qarab koʻrdi. Oʻzicha, bosh irgʻadi. Keyin, tirsagimdan ushladi. Meni mehmonxonaga ergashtirib bordi. Yelkamga qoʻlini qoʻydi.
— Menga qara, el chavandozi, — dedi. — Shu otni menga sotmaysanmi? Yigirma qoʻy beraman. Gapning erkagini ayt.

Zardam qaynadi. Men nima gʻamda-yu, chol nima gʻamda!
— Bova, — dedim, — erta birov aytgan ekan, men oʻz gʻamim bilan, mulla mening... deb! Oʻzi nima gap, avval ayting-da!

Chol mujmaltob boʻldi.
— Sen boʻlarini ayt, el chavandozi. Keyin men aytaman, — dedi.
— Yoʻq! Qiyomatda-da sotmayman! Boʻldimi?
— Ha, mayli. Unda eshit, el chavandozi. Oting, zoʻr ot. Koʻrgandan besh ketdim. Adashmasam, yaqinda ogʻir bir dardni boshidan kechirgan deyman-ov!

Tarlon kamarda oʻn kun och yotdi, ana shu xa¬yolimdan oʻtdi. Ammo cholga sir bermadim.
— Ha, dardga chalinib edi. Keyin, forigʻ boʻlib edi.

Chol mahobat qildi.
— Bali, el chavandozi, — dedi. — Ot hozir shuni eslayapti, ertaga boʻladigan koʻpkarini oʻylayapti. Darddan avvalgiday chopolamanmi, yoʻqmi, degan gʻam otni oʻyga solayapti. Men buni koʻzlaridan bildim. Meniyam aytdi dersan, el chavandozi.

Chol ketdi.

Men bemahalgacha gurunglashib oʻtirdim. Tarlonning qaygʻusi koʻnglimdan koʻtarilmadi. Qaygʻu yuzimga-da urdi shekilli, uy xoʻjasi koʻnglimni koʻtardi.
— Koʻp qaygʻura bermang, chol sinchi, bilongʻich, — dedi. Keyin, chol kimligini aytib berdi.

Emishki, otlar bir yilda bir marta kavsh qaytaradi. Ot kavsh qaytarganda yonadi! Badanlari tovlanadi, koʻzni qamashtiradi! Ayniqsa, koʻzlari porlab yonadi! Ot — dev-da! Ot kavsh qaytarishi horiqulodda* yerda, horiqulodda vaqtda kechadi. Koʻz ochib, koʻz yumguncha boʻlib oʻtadi! Ot kavsh qaytarishini koʻrgan odam, yo telbanamo boʻladi, yo shoʻrpeshona boʻladi, yo baxtli, yo dono, yo nuktadon boʻladi!

Emishki, chol ot kavsh qaytarganini koʻrgan emish...

47

Koʻpkari ekinsiz qisirpoyada boʻldi.

Men Tarlonni qizitdim. Qisirpoyani aylantirib chopdim. Tarlon xiyol oʻzgardi. Boshini tik tutdi, dirk-dirk oʻynadi. Suvligʻini shiqirlatib-shiqirlatib chaynadi. Tarlon toʻdaga talpindi, Tarlon meni uloq¬qa chorladi!

Ayni qishning ilk koʻpkarisi-da, ot moʻl yigʻildi.

Demak, koʻpkari yaxshi boʻladi. Boisi, oz otli koʻpkarida yerdan uloq olish mushkul boʻladi. Sababi, bari ot oʻzini zoʻr deb biladi. Oqibat, yoppasiga uloqqa yopishadi. Talashib-tortishadi. Uloqni na oʻzi oladi, na birovga beradi. Bir-biriga xalaqit beradi, bir-biriga ziyon beradi. talashib yota beradi.

Ot moʻl boʻlsa, aksincha boʻladi. Bunda zoʻrlar zoʻri, otlar oti uloqqa talpinadi. Bundayroq otlar toʻda chetida tomoshagoʻy boʻladi. Bordi-yu, uloq¬qa intilsa, toʻdadagi oʻzr otlar yoʻl bermaydi, ketiga surib yuboradi.

Shu boisdan moʻl otli koʻpkarida toʻdadan uloq olib chiqish oson boʻladi.

48

Uloq keldi.

Tarlonni gijinglatib-gijinglatib bordim. Uloqni iskatib-iskatib oldim. Uloq butidan koʻtarib-koʻtarib koʻrdim. Uloq bir tana boʻldi. Ellik-oltmish kilolar keldi. Uloq jiqqa hoʻl boʻldi. Boisi, kechasi bilan suvga pishib qoʻyilgan boʻldi. Buning nafi — uloq zilday ogʻir boʻldi. Ana endi torta-tortda uloq terisi ayrilmaydi, boʻlak-boʻlak boʻlib ketmaydi. Boʻlmasa, torta-torta uloq butun qoladi- mi?

Bakovul zotlarni aytdi:
— Bir juft kalish, oʻn soʻm puli bor! Ol!

Toʻda uloqqa talpindi. Uloqni bir jiyron olib chiqib ketdi.

Keyingi zot qoʻyildi:
— Bunisida bir qoʻy, bir toʻn, oʻn soʻm puli bor! Zot kattardi, armonda qolma!

Tarlonni uloqqa soldim. Tarlon pishqirib-pishqirib qimtinadi. Uloqqa men oʻylagan, men xohlagandan-da vaqtliroq, osonroq bordi. Odaticha uloqni bir aylandi. Uloq boshida oyoq ildi.

Bir chavandoz Tarlon oʻktamligidan gʻashlandi. Tarlon sagʻrisiga qamchi urdi.

Tarlon bir seskandi. Lekin joyidan qimirlamadi. Ikki koʻzi uloqda boʻldi.

Men uloqqa teskari yoqdagi tovonimni uzangidan olmay, egar korsoniga ildirdim. Uloq taraf uzangidagi oyogʻimni bukdim. Tizzamni Tarlon biqiniga bosdim.

Tarlon menga kift berdi, kift!

Men enkaydim, uloqni bir qoʻllab ushladim. Qomatimni koʻtarayotib, bukilgan oyogʻimni uzan¬giga tik tiradim. Bor qiyinchilik, shu oyogʻimga tushdi. Busiz uloqni koʻtarib boʻlmaydi.

Shunda, bir mugʻambir ot uloqni tuyoqlari bilan bosib qoldi.

Men tagʻin uloq butidan ushladim. Tagʻin ot tizzasi baravar koʻtardim.

Tarlon uloqqa qarab-qarab olgʻa yurdi.

Uloqni atayin yerda sudrab bordim. Birdan koʻtarsam boʻlmaydi, poylab turganlar yopishadi.
— Uloq koʻtarilayapti, uloq koʻtarilayapti!

Sagʻal ochiqqa keldim. Uloqni dast koʻtarishga shaylandim.
— Uloq Tarlonda ketayapti, Tarlonda!

Uloqni zarb bilan koʻtarib oldim. Koʻtarayotganimda Tarlon sozlab bir silkindi. Madad berdi, koʻtarishib yubordi!

Tarlon bilan olgʻa chopdim. Otlar keyinda qolib ketdi. Ammo bir toʻriq qolmadi. Chavandozi uloq butidan ushlab, biz bilan baravar chopdi.
— Yoʻq, uloq Tarlon bilan Toʻriqda ketayapti! Uloq Tarlon bilan Toʻriqda!

Uloqni taqimimga bosib oldim. Yonimga chal¬qay¬dim. Jilovni qoʻyib yubordim. Uloqni qoʻsh¬qoʻllab ushlab oldim.

Koʻp otlar avval-avval asta-asta chopadi. Keyin-keyin tezlab chopadi.

Bizning Tarlon boʻlsa turgan joyidan zabt oladi. Birinchi qadamidanoq shiddat bilan, birdan otilib chopadi. Oʻzga otlar bundayin zabtli shiddatga hozirlanmagan boʻladi. Oqibat, oʻzga otlar oʻzlarini oʻnglab olgunlaricha, Tarlon oʻzib ketadi. Hozir-da shunday boʻldi.

Tarlonda yana bir fazilat bor. Bordi-yu, biror bir ot yetib olsa, Tarlon shu ot bilan baravar chopadi. Oʻzib-da ketmaydi, keyin-da qolib-da ketmaydi. Goʻyo, oxirgi holi shunday, bir me’yorda chopadi. Qabatidagi ot shu me’yorga koʻnikadi. Baravar chopib borayotgani bilan qanoatlanadi. Shunda, Tarlon birdan zabt oladi, shiddat oladi! Bunday boʻlishini xayoliga-da keltirmagan qabatidagi ot keyinda qolib ketadi.

Ayni shu vaziyatda chopayapmiz! Mendan Tarlon uchun bir soʻz kifoya boʻldi.
— Ha-a!

Tarlon, tarlonligini qildi, horiqulodda yulqindi, zabtini birdan oshirdi.

Qabatida kelayotgan toʻriq chavandozning qoʻli uloqdan uzildi. Toʻriq keyinda qolib ketdi.

Men joʻshib ketdim:
— Hu-u-uy, hu-u-uy, hu-u-uy!..

Tarlon yulduz uchganday chopdi!
— Halo-o-ol. Tarlonniki halol! Tashla, Tarlon, tashla!

Ellik-oltmish kilolik uloqni yerdan qanday qilib koʻtarib oldim? Belim barobar devorda oʻtirib, ellik kilo yukni yerdan bir qoʻllab koʻtarib ololmayman. Ellik kilo yukni qoʻshqoʻllab koʻtarib, otga ku¬chana-kuchana ortaman. Koʻpkarida boʻlsa, otda enkayib, ellik kilo uloqni bir qoʻllab koʻtarib olaman! Buning siri nimada?

Birodarlar, otning shamoli bor! Uloqni ana shu shamol olib ketadi! E’tibor etgan boʻlsangiz, ot uloq¬dan koʻz uzmadi! Ot menga kift berdi! Atayin, men uchun qulaylik yaratdi! Uloqni koʻtarayotga¬nimda esa, yelkasiga yuk olayotgan odamdayin bir silkindi! Ana shunda men uloqni yerga tashlab yubormasam boʻldi, birovga berib yubormasam boʻldi. Chavandozligimni qilsam boʻldi! Ot — otli¬gini qiladi!

Bilayapsiz, koʻpkarining sakson-toʻqson foizi ot boʻynida boʻlayapti. Shu boisdan-da koʻpkarida chavandoz emas, ot nomi aytiladi! Koʻpkari boshidan-adogʻigacha ot nomi jaranglaydi! Ot nomi sharaflanadi! Ot nomi ulugʻlanadi!

Tarlon ellik-oltmish kilolik uloq bilan, yana tagʻin men bilan qanday qilib chopdi? Atayin, otga oltmish kilo bugʻdoy ortib oldim, deyin. Yana tagʻin, oʻzim-da minib oldim, deyin. Ana shundan keyin ot ana shunday shiddat bilan chopoladimi? Chopolmaydi! Uloqqa kelganda esa, quyunday uchadi!

Birodarlar, uloqning havosi bor! Otga ana shu havo quvvat beradi, qanot beradi!

Tarlon gʻayrat qildi. Yana ikki marta uloq ayirdim.

Shunda, gʻuj odamlar orasidan kimdir birov ovoz berdi.
— Tarlon, buyoqqa bir qarang! — dedi.

Bordim, ovoz bergan kechagi chol boʻldi. Chol kaftini qoshiga qoʻyib qaradi. Boshini irgʻab-irgʻab qaradi. Kulimsib-kulimsib qaradi.
— Endi qandaysiz, el chavandozi? — dedi.
— Qulluq, qulluq.
— Endi menga qarang, el chavandozi, otga dam bering, ha. Boʻlmasa, koʻziktirib qoʻyasiz...

Tarlon halollagan toʻnlar bilan pullarni cholga uzatdim.
— Olmayman, yoʻq, olmayman!.. — dedi chol.

Qoʻyarda-qoʻymay berdim. Keyin, jabduqlar tarafga yurdim.

49

Birodarlar, hamsoyamiz Qulmat polvon bozorlab keldi. Mayiz sotib keldi.

Devorimizdan avaylab boʻyladim. Narx-navoni soʻradim.
— Qani, polvon, — dedim, — mayiz qanchadan boʻldi?

Polvon qoʻllarini koʻksi barobar qildi. Kaftlarini katta-katta ochdi. Oʻnta barmogʻini yoyib koʻrsatdi. Ogʻzini toʻldirib:
— Oʻn soʻm! — dedi.
— Yoʻgʻ-e?
— Chinim, oʻn soʻmdan boʻldi. Mayizingiz boʻl¬sa, armonda qolmang!

Mayiz bizda bor-da! Olti unxalta! Saratonday sariq mayiz!

Qoʻchqorday-qoʻchqorday oʻgʻillarim bor! Katta boʻlsa otning Tarlonini minaman deyapti! Mayizni shularning toʻyiga bosib yotibman! Bu qish kuchim yetmaydi, kelasi qishda katta toʻy beraman! Nasib boʻlsa!

Shanba oqshomi ombordan bir xalta mayiz sud¬rab chiqdim. Supadagi gilamga yoydim. Gʻalvirda elab-elab, changdan pokiza etdim.

Subhi sodiqda Tarlon bilan bozorladim.

Qizilsuvga doxil boʻldim. Daryodan kechib oʻtib, yuqoriladim.

Mol bozori oldida tevaragi sim bilan oʻralgan yer boʻladi. Bozorlab keluvchilar ot-ulovlarini ana shu yerga bogʻlab qoʻyadi. Tarlonni-da shu yerga bogʻlab qoʻydim.

Mayizimni orqalab, bozor oraladim.

Dimogʻim manti hidini tuydi.

Bukilib-bukilib yurdim.
— Poʻsht-poʻsht! — deb yurdim.

Bozorchilar qatoridan joy oldim. Mayiz xaltamni ochdim. Mayizimni maqtab-maqtab oʻtirdim. Oʻn soʻmdan pastga tushmadim!

Chipor gulstukli bir odam mayizimni kaftiga olib koʻrdi. Salmoqlab-salmoqlab koʻrdi.
— Sal tushing, dehqonsiz-ku! — dedi.
— Nima, dehqon mayizni koʻchadan topib oladimi? — dedim.
— Tok tuggan noz-ne’matni oʻn soʻm deb oʻtiribsiz-a!
— Noz-ne’mat degani dehqonning peshona teri degani!
— Koʻp minnat qilmang! Shusiz ham oy bitsayam, kun bitsayam, dehqonga bitib yotibdi!
— Bitadi-da! Ust-boshlaringdan tortib, yegan-ichganlaringgacha dehqonning peshona teridan kelayapti! Idorada oʻtirib qogʻoz qoralaganlaring bilan osmondan yeydigan, yo, kiyadigan biror nima tushmaydi! Dehqon topganining toʻqson foizini sizlarga joʻnatib, qolgan oʻn foizinigina oʻzi yeydi!..

Chipor galstukli odam unday desa, bunday dedim, bunday desa, unday dedim. Ishqilib, galstuklidan qolishmadim!

Birodarlar, sochim boʻlmasa-da tarogʻim tillodan!

Qaradim-qaradim, savdoning ma’quli boʻlmadi.
— Bor-e, yetti soʻmdan boʻldi! — deb yubordim.

Shu zahotiyoq bir mayizjallob dikonglab keldi. Koʻtarasavdo qilib olib ketdi.

Xaltamni tizzamga urib qoqdim. Buklab-buklab qoʻltigʻimga qisdim.

Bozor oralab, bozorlik qildim. Noz-ne’matlar oldim. Jiydaga boshqorongʻi ayolimizga Xorazm jiydasi oldim. Oʻgʻillarimizga xoʻrozqand, qogʻo¬zida kuchugi bor qand, teshikkulcha oldim. Barini xaltamga solib, choyxonaga yoʻl oldim.

50

Ostonadan ichkari moʻraladim.

Choyxona toʻla odam boʻldi.

Choyxona havosi dim boʻldi. Nafasim qaytib ketdi.

Tashqari soʻrilarda-da odam moʻl boʻldi. Birovlab sanasa yuzlar boʻldi.

Xaltamni soʻri ustuniga suyab qoʻydim. Boʻsh joy izladim. Bir odam turib ketdi, joyi boʻshab qoldi. Xaltamni oldim. Yaqinimdagi odamga:
— Soʻraganlarga bu joy egalik deng, — dedim.

Choy bilan kulcha olib keldim. Koʻchaning narigi yuzida bir sermoʻylov odam katta qozonda baliq qovurdi. Ana shu moʻylovdan ikki kilo baliq olib keldim.

Chordona qurib, baliq tushirdim. Baliq serqiltiq boʻldi, xoʻp xunob qildi.

Shunda, burchak soʻrida ikkita militsioner paydo boʻldi.

Ogʻzimdagi ogʻzimda, boʻgʻzimdagi boʻgʻzimda qoldi. Koʻnglim aynidi, ishtaham buzildi.

Koʻrmayin-da, kuymayin-da, dedim. Chappa burilib oʻtirib oldim. Tagʻin, oʻshalar boʻlsa-ya, deya hadiksiradim. Koʻz qirim bilan qarab-qarab oldim. Yoʻq, ular emas, boshqalar boʻldi.

51

Shu vaqt, bozor darvozasi tarafdan ovozlar keldi.
— Ushla, oʻgʻrini, ushla! — dedi ovozlar.

Gʻuj-gʻuj odamlar orasidan bir bola chopib chiqdi. Ketidan bir beqasam choponlik odam quvib keldi.

Bola koʻchani kesib chopdi. Yuqoridan kelayotgan qizil mashinaga bel boʻldi. Mashina «shigʻgʻ» etib, toyib kelib toʻxtadi. Bola oʻzini yoʻlning berigi betiga otdi. Qop-qora suvli ariqqa shaloplab tushdi. Loy boʻlmagan yeri qolmadi.

Quvib kelayotgan odam mashina ketidan oʻtdi. Bolaning loy yoqasidan juftlab ushladi. Bola tipirchiladi, ammo beqasam choponlik changalidan chiqolmadi. Beqasam choponlik, bolaning oyoqlariga qoʻshib, qoqib, yerga yumalatdi.
— Pulni chiqar! Qani pul?! — dedi beqasam chopnlik.
— Men emas! — dedi bola.
— Sen! Qoʻlingni kissamda ushladim-ku! Yaxshilikcha chiqar, boʻlmasa enangni Uchqoʻr¬gʻondan koʻrsataman!
— Men emas deyapman-ku!
— Unda oʻzim topaman! Tort qoʻlingni! Manavi kissangni koʻrsat!

Yoʻldan oʻtkinchi-ketkinchilar oyoq ildi. Choy¬xonadagilar borib qaradi. Tumonat odam boʻldi.

Men soʻrida tik turib qaradim.

Beqasam choponlik bolaning kissasini kovladi. Qoʻyniga qoʻlini tiqdi. Qoʻynidan bir dasta pul oldi. Bolaning tumshugʻiga olib bordi.
— Bu nima, enangning qalinimi? — dedi.

Bola boshini yelkalari ichiga oldi. Yuzini loy kaftlari bilan pana qildi.

Beqasam choponlik bolaning quloq-chakkasiga qulochkashlab soldi. Bola balchiq suvga shalop etib tushdi.

Beqasam choponlik bolaning yoqasidan juftlab ushladi. Suvning oqishiga qarab sudradi.
— Senga kissavurlik qilishni koʻrsatib qoʻya¬man! Yur melisaga!

Bola oyoqlarini tiradi, gavdasini orqasiga tashladi.

Shu vaqt, olomon orasidan ikkita novcha boʻz¬bola sugʻurilib keldi. Ikkovining-da sochlari yelkasida boʻldi. Ust-boshlari badanlariga chippa yopi¬shib turdi. Botinkalari tovoni ot tuyogʻiday-ot tuyogʻiday qalin-qalin boʻldi.

Boʻzbolalar beqasam choponlik ketidan keldi. Bir boʻzbola beqasam choponlik tirsagidan ushladi. Beqasam choponlik, bolani qoʻyib yubordi. Ketiga qayrilib qaradi. Shunda, boʻzbola beqasam choponlik iyagiga qulochkashlab bir urdi.

Beqasam choponlik zuvalasi pishiqlardan boʻldi. Ketiga gandiraklab-gandiraklab bordi. Ammo yiqilmadi.

Olomon haybarakallachi boʻldi:
— Ur! Sol, tumshugʻiga!
— Ur! Musht turganda muomala nima kerak!

Beqasam choponlik bir boʻzbolani qoʻshqoʻllab bir urdi. Boʻzbola chalpak boʻlib tushdi.

Omon turgan boʻzbola beqasam choponlik ketidan keldi. Biqiniga sozlab bir tepdi.

Beqasam choponlik enkaydi. Biqinini ushlab-ushlab, enkayib qoldi.

Olomon haybarakallachi boʻldi:
— Ur! Kalla qil, kalla!

Shunda, maydagina bir qora kuchuk vangillab-vangillab chopib keldi. Keldi-yu, beqasam choponlikni urayotgan boʻzbola butiga yopishdi. Boʻzbola kuchukka oyogʻini sermadi.

Kuchuk ketidan sermoʻylov baliqpaz chopqillab keldi. Kuchugini urishib-urishib, oldiga solib haydab ketdi.

Chalpak boʻlib yiqilgan boʻzbola joyidan sapchib turdi. Beqasam choponlikni tepa ketdi. Loyga belangani-da qoʻshilib tepdi. Boʻzbolalar koʻzlariga qaramay tepdi. Beqasam choponlik yuzlari burishdi. Bir ichini, bir biqinini ushladi. Keyin, yerga choʻk tushdi.

Men olazarak boʻldim. Tevarak-atrofimga alangladim. Burchakda oʻtirgan militsionerlarga qaradim.
— Ay, anavilarni oracha qilinglar-ay! —dedim.

Militsionerlar parvoyi falak boʻldi. Begʻam-begʻam choy ichdi. Boshlarini sarak-sarak etdi.
— Bizga aloqasi yoʻq! — dedi.
— Bu yer boshqa birovning uchastkasi! Bizning uchastkamiz vinzavod tarafda! — dedi.

Olomon yakun yasadi:
— Tamom, nokdaun!

Yoʻq, tamom boʻlmadi.

Beqasam choponlik choʻkkalab oʻtirdi-oʻtirdi-da, birdan sapchib turdi. Biqiniga tepgan boʻzbola yuziga kalla qildi.

Boʻzbola yuzlarini kaftlari bilan yopdi. Xiyol enkaydi. Barmoqlari orasidan qon sizib chiqdi.

Shunda, birovi kaftiga bir qora nima qoʻydi. Shu qora nima bilan beqasam choponlikning pe¬shonasiga qulochkashlab bir urdi.

Beqasam choponlik:
— Voh, oʻldim-a! — deya baqirdi. Peshonasini ushladi. Taltangladi, gandirakladi. Ana yiqilaman, mana yiqilaman dedi.

Kalla yegan boʻzbola turgan joyida sapchib, beqasam choponlikning koʻkragiga tepdi.

Beqasam choponlik bargday uchib tushdi. Qoʻllarini yonlariga yoyib, qimirlamay qoldi.

Boʻzbolalar beqasam choponlikni oʻrtaga olib tepdi. Oyoqlari ostiga olib tepdi. Koʻzlariga qaramay tepdi.

Birodarlar, ezilib ketdim, ich-ichimdan ezilib ketdim! Jonim halqumimga keldi!

Alam ham armon bilan burchakka qaradim. Yoʻq, militsioner yoʻq. Tevarak-atrofga alangla¬dim. Militsionerlar oldinma-keyin boʻlib, choyxona yonalab pisib-pisib ketayapti.

Qahr bilan, nafrat bilan soʻridan tappa tashladim. Beqasam choponlik bilan boʻzbolalarni oracha qilayin, dedim. Olomonni qulochlarim bilan yorib, oʻrtaga kirib bordim.

Bir boʻzbolani bilagidan qoʻshqoʻllab ushladim. Ketiga sermab yubordim. Bir boʻzbolani sochlaridan gʻijimlab ushladim. Sochlaridan chetga tortdim.
— Imoning kuygurlar! Bir moʻmin bandani oʻldirasanmi! — dedim. Sochlarini gʻijimlab turgandim, yulqindi. Boʻlmadi. Tagʻin yulqindi. Yana boʻlmadi. Keyin, chotlarim orasiga oʻxshatib bir tepdi.

Birodarlar, orachiga — olti tayoq!

Esankirab qoldim, dovdirab qoldim. Jon shirin-da! Jon achchigʻida qoʻlim yuzasi bilan boʻzbola koʻzlarini oralatib bir soldim.

Boʻzbola chinqirib yubordi.

Shu vaqt, mashina ovozi eshitildi. Katta koʻchadan bemorxona mashinasi keldi.

Olomon oʻzini chetga oldi. Koʻcha yuzida toʻp boʻldi.

Mashinada oʻtirgan oq kiyimlik odam koʻzoynagini ustidan qaradi. Sulayib yotgan beqasam choponlikni koʻrdi.
— Nima boʻldi bunga? — dedi.

Xoʻrligim kelib... yigʻlab yubordim...
— Bechorani qarang... Ular uchov boʻlsa, bu bechora birov boʻlsa! — dedim.
— Tushunarli! Dam olish kuni deb, oʻzidan ketib qolmay, kamroq ichsin!
— Buni olib keting, birodar, oʻlib qoladi...
— Bizning zakazimiz bor! Boshqa «Skoriy pomosh» chaqiringlar! Ketdik, haydang!

Bemorxona mashinasi shunday oldimdan oʻtib ketdi. Ketidan qarab qoldim. Keyin, qoniga belanib yotgan beqasam choponlikka qaradim. Qaradim-qaradim...

Birodarlar, oʻpkam toʻlib keldi. Toʻlib-toʻlib keldi... Yenglarimga yigʻladim, choponimning yoqalariga yigʻladim, oʻngirlarimga yigʻladim...

Olomonga alangladim.
— Ay, birodarlar, bir bechora inson shunday oʻlib keta bersa yaxshimi? Uyida bola-baqrasi bordir! — dedim.

Birov ovoz berdi:
— Tanishingiz boʻlsa, olib keting! — dedi.

Shunday koʻcha yuzida turgan maydagina ma¬shina xoʻjasiga elandim. Bir amallab koʻndirdim.

Beqasam choponlikni yelkasidan sudrab keldim. Quchoqlab koʻtarib, mashinaga soldim. Yerda shalvirab qolgan oyoqlarini ichkari oldim. Oʻzim qabatida oʻtirdim. Bir qoʻlim bilan bilagidan ushlab oldim.

Birov endi kelib, shu yerdagilardan soʻradi:
— Nima boʻldi-a, nima boʻldi? — dedi.
— Zoʻr tomosha boʻldi! Uchchalasi bittasini shunaqangi soldi! Paq-paq! Nokdaun!

52

Beqasam choponlikni bemorxonaga olib joʻnadim.

Bemorxona beqasam choponlikni olmadi. Oppoq kiyimlik bir ayol:
— Bu sudebniy ish! — dedi.

Militsiyaga sim qoqdi.

Bir militsioner kelib, beqasam choponlikni aylan¬¬¬tirib koʻrdi. Suratga tushirdi. Daftar toʻl¬dirdi.

Keyin, meni soʻroq qildi. Zot-makonimni soʻ¬radi. Oʻzimni aytib berdim. Militsioner yozib oldi. Undan keyin, nima boʻldi, deb soʻradi. Men oqizmay-tomizmay aytib turdim. Militsioner yozib bordi.
— Hozircha boʻshsiz, keyinchalik uchastka¬voyingiz orqali chaqiramiz! — dedi.

Mashina xoʻjasiga uch soʻm uzatdim. U olmadi.
— Qulluq, qulluq! — deb ketdi.

53

Choyxonaga qaytib bordim. Bozorlik xaltamni qaradim. Yoʻq. Soʻri ostini qaradim. Yoʻq, bozorlik xaltam yoʻq.

Choyxonachidan soʻrab-surishtirdim.
— Mabodo, bizning xaltamizga koʻzingiz tushmadimi? — dedim.
— Yoʻgʻ-a, koʻzim tushmadi-ya!— dedi choy¬xo¬nachi. — Shunga koʻzim tushmadi-ya! Qanday, beqasam choponlik oshnaginangiz qanday?
— Bir balo qilib joylashtirib keldik...
— Iya-iya...

Choyxonachi angrayib qoldi. Yuzlari boʻzardi. Qoʻllarini etagiga artdi. Fotiha oʻqimoqchiday, kaftlarini hozirlay boshladi.
— Bandachilik qildimi-a, — dedi. — Voy, bechora-e, voy, bechora-e...
— Yoʻgʻ-e, bemorxonaga joylashtirib keldik, deyapman.
— E, ha-a, shunday deng...

Bozor oralab, boshqatdan bozorlik qildim. Barini belbogʻimga tugib oldim.

Tarlonimiz oldiga bordim. Tugunimni egar qoshiga ilib oldim. Darvoza oldida oʻtirgan cholga bir soʻm uzatdim. Oʻzimga oʻzim oq fotiha berdim. Otlanib, bozordan qaytdim.

Birodarlar, osmondan tushganday boʻlib qoldim, dunyoni endi koʻrayotganday boʻlib qoldim...

54

Vo darigʻo, shunday kunlar-da boʻladi!

Bosgan qadamimiz ketimizga ketadi. Jamiki ishlarimiz chappasiga yuradi. Omad deganlari salomini-da bermaydi. Ogʻzimizdagi oshimizni-da oldirib qoʻyamiz.

Birodarlar, nasib etsa, kelar Shom-u Iroqdan, nasib yitsa, ketar qosh-u qaboqdan!

Xurram soliqchining koʻpkarisida shunday boʻldi. Toʻdaga kirolmadim, kirsam, uloqni ololmadim. Bordi-yu olsam, birov yo qoʻlimdan yulib ketdi, yo yerga tushib ketdi. Taqimimdagi uloq¬larni-da oldirib qoʻydim.

Birodarlar, davlat-da egiz-egiz, mehnat-da egiz-egiz!

Tarlon mendan hayron boʻldi, men Tarlondan hayron boʻldim.

Unday qildim boʻlmadi, bunday qildim, boʻlma¬di. Puf sassiq, deya ketib qolmoqchi boʻlmadim. Yana tagʻin shaytonga hay berdim. Elan-qaran keldim, endi ketmayin, dedim.

Tarlonni qamchilab-qamchilab toʻdaga soldim.

Otlar gʻij-gʻij boʻldi. Osmondan telpak tashlasa yerga tushmadi.

Toʻdani yorib, uloqqa keldim. Uloqqa har alvonda uzaldim. Qoʻlim yetmadi. Yana-da uzalgani, otlar qoʻymadi.

Quyuq changda koʻrib turdim, bir qoʻl uloqni ushladi. Shunda, Tarlon uloqni oʻng tuyogʻi bilan tappa bosib qoldi. Tarlon buni ilkisdan qilmadi. Yoʻq, bilib-koʻrib qildi. Uloqni bergisi kelmadi!

Uloqqa havoyilarcha yopisha berish Tarlonimiz joniga tegdi. Tarlon uloqqa tashna boʻldi!

Men qamchi sopidan tishladim. Tarlon qop¬qogʻiga shapatiladim. Tarlon boshini sarak-sarak etdi. Tevaragidagi otlar boshini oʻzidan xolislatdi. Oʻziga kenglik yaratdi, erkinlik yaratdi.

Keyin, Tarlon old tizzalarini bukdi. Uloq oldida choʻk tushdi! Tarlon uloq oldida choʻkkaladi!

Quyuq changda koʻzlarimni arang ochdim. Tarlon koʻkragi oldida yotgan uloqni qoʻshqoʻllab ushladim. Panjalarimni botirib ushladim.

Tarlon koʻz qiri bilan qarab turdi. Barini koʻrib turdi, bilib turdi. Uloqni mahkamlab ushlaganimga amin boʻldi.

Shundan keyin, bir silkinib, tizzalaridan turdi. Sonsiz otlar poylab turgan oldiga emas, yoʻq, ketiga tisarildi. Ketiga tis boʻlib, toʻdadan sugʻurildi. Ochiqlikka chiqib olib, birdan oldiga burildi. Joyidan zarb bilan uchdi, yelday uchdi! Koʻrganlar koʻrib qoldi, koʻrmaganlar armonda qoldi!

Tarlon qoralik chuqurchani yonlab keldi. Uloqni taqimimdan tashlab yubordim. Qoʻllarimni koʻtarib chopib ketdim.

Ammo bakovul ovozidan darak boʻlmadi. Hayron boʻldim.

Qoralik joyga qaytib keldim. Chuqurchaga qarab... tars etkazib tizzamga urdim. Uloq chuqur ichiga emas... labiga tushibdi!

Alamimdan, arazlagim keldi!

Barchaga, inchunun, bakovulga eshittirib aytdim:
— Biz ketdik! Bizga qachon haq berilib edi-da, endi beriladi! — dedim oʻzimcha, koʻpkariga qoʻl siltab joʻnadim. Tarlonni tars-tars qamchiladim.
— Ketdik, Tarlon, ketdik, odamlar biz sagʻir¬larga qayishmaydi! — dedim.

Toʻdadan olislab bordim. Tarlonni tagʻin tars-tars qamchiladim.
— Ketdik, Tarlon, ketdik, bizning kallamiz kal! Biz kallarga haq yoʻq! — dedim.

Ketimga qayrilib qaradim. Uzangi yoʻldoshlarim yoʻldan qayirar, deya umidlandim. Tarlonni imillatdim. Tagʻin oʻgirilib qaradim. Izimdan birov-da kelmadi!

Devorda tizilib oʻtirgan tomoshagoʻylarni yonlab yurdim. Birovi yoʻldan qayirar, deya oʻyladim. Shuncha odam oldidan oʻtdim, qani endi birovginasi miq etsa! Aqalli, yoʻl boʻlsin, Ziyodulla chavandoz demadi! Shular ham odam boʻldi-yu! Suf-e!..

Endi tomoshagoʻylardan arazladim!
— Koʻr boʻlib koʻpkarini tomosha qilib oʻtira beringlar, men uyga borib, maza qilib yotaman, — deya pichirladim.

Qishloqqa olib boradigan yoʻldan yurdim. Yoʻlni kesib oʻtadigan ariq boʻyida oyoq ildim.

Tarlon suvga talpindi. Suv ichirmadim. Shokirqulning tomidan chiqib turgan dastak uchiga bogʻladim.

Ust-boshlarimni qoqdim. Yuzlarimni yuvdim. Qoʻshhovuchlab-qoʻshhovuchlab suv ichdim. Enti¬kib-entikib suvga termuldim.

Shunda, ariq boʻyida suvga kucha botirib yeb oʻtirgan bolaga koʻzim tushdi. E’tibor berib qaradim. ishtoni hoʻl.
— Kimning uli boʻlasan? — dedim.
— Otamning.
— Otang kim?
— Shokirqul.
— Ha-a, oting nima? Karim? Oʻlma! Bu, ishton hoʻl-ku, Karimboy?
— Enam toʻyda.
— Ha-a, oʻzim kiyolmayman deng. Bizdan soʻrasangiz, Karimboy, biz koʻpkaridan qaytdik, ha! Koʻpkarida adolat qolmadi, Karimboy. Bari oshna-ogʻaynigarchilik boʻlib ketdi!
— Koʻpkari tamom boʻldimi?
— Yoʻq, hali boʻlayapti.
— Unda, boring-da.

Men sergak boʻldim. Bolaga e’tibor berib qaradim.
— Bir nima deganday boʻldingizmi, Karimboy?
— Suv ichib boʻldingiz-ku.
— Ha, suv ichib boʻldim, Karimboy. Endi nima qil deysiz, Karimboy?
— Koʻpkariga boring.
— Borsam degan edim, Karimboy. Bizga haq yoʻq!
— Bormasangiz ado boʻladi.
— Koʻp qoʻymadingiz-qoʻymadingiz-da, Karim¬boy. Borsam-borayin, sadqayi suxaningiz.

Tarlonni yechib, tagʻin otlandim.
— Karimboy, sizning soʻzingizdan oʻtolmay qaytayapman. Boʻlmasa qaytmas edim, — dedim.

Qaytishimda tomoshagoʻylarni qoralab yurdim. Tomoshagoʻylarga xoʻmrayib-xoʻmrayib qaradim.
— Senlar ham odam boʻlding-u, ana, haqiqiy odam Karimboy ekan, — deya pichirladim.

Toʻda chetiga borib turdim. Bakovul menga ajablanib qaradi. Bildim.

Bakovul menga qarab-qarab qoʻydi. Keyin, yonida turgan chavandozga bir nima dedi.
— Itga oʻxshab, oʻzi ketib, oʻzi keldi. — Bildim, shunday dedi. Boshqalar-da shunday dedi.

Endi, men nima desam ekan?

Karimboy qaytardi desam, qaysi Karimboy desalar-a? Shokirqulning ishtoni hoʻl oʻgʻli deymanmi? Ha yoʻgʻ-e... surishtirib borayaptimi. Bordi-yu, surishtirsalar, Karim muallim, deyman...

Samad chavandoz uzangi yoʻldoshimga aytdim, barcha-barchaga eshittirib aytdim:
— Yoʻlda Karimboy jilovni ushladi! Qayting-chi qayting, deb qoʻymadi! Odamning yuzi issiq-da, yuzidan oʻtolmadim!..

55

Otar adirda yoyilib oʻtladi.

Toʻdalagunimcha kech boʻldi. Uyga qosh qorayganda keldim.

Uchastka militsionerimiz bir parcha qogʻoz tashlab ketibdi. Ayolimizga qayta-qayta tayinlabdi.
— Ertaga soat oʻnda organda boʻlsin, — debdi. Sherigimiznikiga borib uzrimni aytdim.
— Ertaga qoʻyni sen boq, zaril ishim chiqib qoldi, biror kun qaytararman, — dedim.

Sahar-mardonda Tarlon bilan shahar joʻnadim.

Eshik oldida oʻtirgan militsionerga qoʻynimdagi qogʻozni olib koʻrsatdim. Militsioner meni eshigi gʻilofli xonaga kiritib bordi.

Toʻrda oʻtirgan yigit oʻrnidan turdi.
— Keling, keling, — dedi.

Men bilan qoʻl berib koʻrishdi. Oʻzini kapitan Roʻziev, dedi.

Kapitan katta baxmal pardani tushirib qoʻydi, koʻrsatdi. Men kapitan katta koʻrsatgan joyga oʻtirdim.
— Xoʻsh, familiyangiz Qurbonov-a? Nega kechikib yuribsiz, aka? Soat oʻn ikki boʻldi-yu? — dedi kapitan katta.
— Men sizga aytsam, kapitan katta, Tarlonning oyogʻiga qaradim.
— Xoʻsh, Tarloningiz kim?
— Bizning otimiz-da, kapitan katta.
— Xoʻsh, hali otda keldingizmi? Shuncha texnika turib-a!
— Esa-chi, kapitan katta. Texnika bizga boʻlmaydi, kapitan katta. Benzin isini xush koʻrmayman, kapitan katta.
— Xoʻsh, banditlarni izlayapmiz, aka. Shubhali tiplarni jabrlanuvchiga yuzma-yuz qildik. Bular emas, dedi. Siz esa kelmadingiz. Endi boshqa kun chaqiramiz.

Tarlon bilan qishloqqa qaytdim.

56

Kechqurun televizorga qarab oʻtirib edim, Rixsiev keldi. Bolishni buklab yonboshladi, damini uzun oldi.
— Radiouzel orqali oʻqigan dokladimni eshitdingizmi, oʻrtoq Qurbonov? — dedi.
— Yoʻq, qachon oʻqidingiz?
— Ana xolos, hozirgina oʻqidim-ku. Yigirma minut, qirq sekund!
— Men televizorga qarab qolibman. Nima deb oʻqidingiz?
— Xalqaro ahvol xususida!
— Ha-a, olamda nima gap ekan?
— Aha, xalqaro ahvol chatoq, oʻrtoq Qurbonov, juda chatoq. Vaziyat tobora keskinlashib borayapti. NATO mamlakatlari Yevropada qanotli raketa joylashtirayapti. Salvadorda qonli jang boʻlayapti, Nikaraguada vaziyat tobora murakkablashayapti, Falastin xalqining ahvoli ayanchli. Aha, hammasiga AQSh imperialistlari aybdor, oʻrtoq Qurbonov. Imperializm provokatsiya bilan shugʻullanayapti. Aha, masalan, AQSh imperialistlari Polsha dav¬latida diversiya-provakatsiya tashkil qildi. Xalqni mafkuraviy zaharladi, aha. Polshada sotsialistik jamiyatni qoʻporib tashlamoqchi boʻldi. Lekin imperialistlarning yovuz planlari fosh boʻldi. Polsha Birlashgan Ishchi partiyasi sotsializmni himoya qildi...

Gapning biroviga-da tushunmadim. Televizorga qarab, ha-ha, deb oʻtirdim.

57

Ikki kun deganda uchastka militsonerimiz tagʻin qogʻoz olib keldi.

Tarlon bilan azonda yoʻl oldim. Bu safar Tarlonni qichab haydadim. Vaqtida yetib keldim.

Kapitan katta toʻrtta boʻzbolnani roʻpara qildi.
— Yoʻq, bular emas edi, — dedim. — Ularning sochi uzun-uzun edi, — dedim. Kapitan katta kuldi.
— Xoʻsh, eslay olmaysizmi, aka, ularning yuzida biron jarohat izi yoʻqmidi?
— Esa-chi, kapitan katta. Iziyam gapmi, yara¬ning oʻzi bor edi, kapitan katta.
— Xoʻsh, qanaqa jarohat?
— Ikkovining yuzidan qon oqdi. Beqasam choponlik kalla qilib edi-da.
— E-e-e, shuni ertaroq aytmaysizmi, aka. Ana bu boshqa gap!
— Keyin, bir maydarogʻining ust-boshi loy boʻldi, kapitan katta.

Kapitan katta yoza-yoza, bosh chayqab kuldi. Nimaga kuldi — farosatim yetmadi.
— Xoʻsh, ayting-chi, aka, shu voqeani koʻrganlardan aqalli birontasini taniysizmi?
— Men sizga aytsam, kapitan katta, lof boʻlsada, yuzdan oshiq odam bor edi. Qaysi birini taniyman. Hatto ikkita melisa-da bor edi.
— Kim-kim? Melisa? Xoʻsh, formadami?
— Esa-chi, kapitan katta. Melisalar shunday burchakda oʻtirib choy ichdi.
— Xoʻsh, ular shu voqeani koʻrdimi?
— Esa-chi, kapitan katta. Barini koʻrib turdi, kapitan katta.
— xoʻsh-xoʻsh!

Kapitan katta temir sandigʻidan bir qalin qogʻoz olib yoydi. Ichi toʻla gʻij-gʻij surat boʻldi.
— Qarang-chi, aka, shuning ichida siz koʻrgan melisalar bormi.

Suratlarga barmogʻimni yugurtirib qaradim. Oxiri, koʻrganlarimdan birovini tanidim. Peshona¬siga barmogʻimni nuqib turdim.
— Hayla, anavi! — dedim.

Kapitan katta enkayib qarab, bosh irgʻadi. Suratlarni taxlab, yana sandigʻiga soldi. Tash¬qarilab qaytdi.
— Xoʻsh, siz, aka, mana bu xonaga kirib turing. Oʻzim chaqiraman.

Yon xonaga kirib oʻtirdim. Xona eshiksiz boʻldi.

Kapitan katta baxmal pardani tushirib qoʻydi. Oʻzi, oʻz xonasida qoldi.

Xiyoldan keyin kapitan katta oldiga birov kirib keldi. Kapitan katta undan soʻradi.
— Xoʻsh, siz yigirma toʻrtinchi yanvar yakshanba kuni soat oʻn ikkilarda qaerda edingiz? — dedi.
— Qaysi yanvar, bu yilgi yanvarmi? Uchastkada edim, — dedi kelgan odam.
— Xoʻsh, aniqroq ayting!
— Vinzavod atrofini nazorat qilib yurgan edim!
— Xoʻsh, demak, zavodda?
— Ha, zavodda!
— Xoʻsh, shu kuni choyxona oldida boʻlgan voqeadan xabaringiz boʻlmadimi?
— Qanaqa voqeadan?
— Oʻsha yerda boʻlgan toʻpolondan?
— Oʻlimdan xabarim bor, bundan xabarim yoʻq!
— Xoʻsh, buyoqqa bir qarang, Qurbonov aka!

Kapitan katta oldiga qaytib chiqdim. Kelgan odam xuddi oʻsha militsionerlarning birovi boʻldi. U meni koʻrdi-yu, rangi oqarib joʻnadi. Kapitan katta meni koʻrsatib soʻradi:
— Shu odamni biron marta koʻrganmisiz?

Militsioner menga tikilib turdi-turdi-da, yelkasini qisdi.
— Eslayolmayapman, — dedi.

Kulgim keldi. Balki tanir, deya choyxonani eslatdim. Militsioner shipga qarab oʻylab-oʻylab, koʻrsatkich barmogʻini chakkasiga nuqidi.
— E, ha! Boʻldi, boʻldi! Endi esladim. Oʻsha yerdan uchastkamga oʻtib ketayotgan edim. Koʻchada odamlar toʻplanib turgan ekan. Biron nima sota¬yotgan boʻlsa kerak, deb oʻyladim.
— Eb-ey, ikkovimiz gapirishdik-ku, inim! Men sizga...
— Men bilan-a? Bekorni aytibsiz! Tuhmat! Soqolingiz bor, ogʻzingizga qarab gapiring! Siz meni boshqa odamga adashtirayapsiz!

Kapitan katta baxmal pardani tushirib qoʻydi.
— Ana, boʻlmaganman deyapti-ku? — dedi.

Men yoqamni ushladim.
— Yo tavba, yo tavba! — dedim.
— Xoʻsh, yana biron kishini eslay olmaysizmi, aka?
— Esa-chi, kapitan katta. Shu gaplarni choy¬xonachi-da koʻrdi.
— Choyxonachi? Yana?
— Keyin, baliqpaz-da biladi.
— Xoʻsh choyxonachi, baliqpaz... Buguncha boʻldi, aka, qolganini boshqa kun gaplashamiz.

58

Endigi qogʻoz kelishida bormadim.

Boisi, Dono momo bandalik qildi. Janozasiga bordim. Momoni oʻrab-chirmab, yigʻlab-yigʻlab qoʻyib keldim.

Uyda azali kayfiyatda yonboshlab yotib edim, Rixsiev kelib qoldi.
— Ahay, choy qoʻyinglar! — dedim ayolimizga.
— Kayfiyatingiz yoʻq, oʻrtoq Qurbonov? — dedi Rixsiev.
— Dono momoni qoʻyib keldik, — dedim.
— Qayoqqa qoʻyib keldingiz?

Shunda, Rixsiev janozada boʻlmaganini bildim.
— Dono momo olamdan oʻtdi, shuni aytayap¬man,— dedim.
— Aha, dafn qildik deng. Qoʻyib keldik de¬ganingizga biror nimani qoʻyib kelibdimi debman.

Yuzimni oʻgirib, koʻzlarimni yumdim. Oʻzimni bosolmadim. Tagʻin oʻng boʻldim.

Koʻnglimga qay bir gaplar keldi. Gap kelganda gapirmasa, shu gap oʻldim, deb ketadi. Shu bois, umrimda birinchi marta Rixsievga oqsoqolchilik qilishga jur'at etdim:
— Rixsiev aka, — dedim, — siz oʻqigan odamsiz, olamdagi bor gapni bilasiz. Sizga oʻrgatib boʻl¬maydi. Hech qachon eldan qolmang, aka. Xususan ikki vaqt elning yonida boʻling. Biri — toʻyida. Elning toʻyini belingizni besh joyidan boylab xizmat qilib, oʻynab-kulib, xush-xushvaqt oʻtkazib bering. Toʻy koʻpniki, ha. Yana biri — azasida. Yigʻlab-siqtab elning qaygʻusiga hamdard boʻling. Oʻlim qaygʻusini bir odam koʻtarolmaydi. Ogʻirlik qiladi. Shunda siz yonida boʻlib, qaygʻusiga sherik boʻling. Odam ana shu ikki vaqtda odamligini bildiradi.
— Men unday momoni tanimayman, u kim?
— Oʻzimizday odam. Faqirgina bir momo edi. Umri kolxozda ishlab oʻtdi. Qarigan chogʻida ma¬gazinda qorovul boʻldi. Na qizi bor, na uli bor edi. Bechorahol momo edi. Yigʻlaydiganlari-da boʻl¬madi. Oʻzimiz momomlab, xolamlab yigʻlab joʻnatdik. El koʻmdi...
— Aha, qulogʻimga bir chalinganday boʻldi. Maktabga darsga ketayotgan edim, kimdir, birov oʻlibdi, dedi. E’tibor bermabman.
— Ana shu-da. Shu sababli-da janozada odam taxchil boʻldi. Koʻnglim yarim boʻlib qaytdim. Odamzotning qadri endi shu boʻldimi, dedim. Rixsiev aka, bir kun kelib biz ham ketamiz. Oʻlim barimizning boshimizda bor savdo. Shunday kunda bir-birovimizning kunimizga yaramasak, odam boʻlib nima qilib yuribmiz...

Rixsiev gapimni ogʻzi bilan eshitdi.
— Hammaning borishi shartmi, oʻrtoq Qur¬bonov, — dedi. — Qarindosh-urugʻidan toʻrt kishi borsa boʻldi-da. Tobutning toʻrt yogʻochidan ushlab koʻtarib boradi. Toʻrt kishidan ortigʻi ortiqlik qiladi. Aha, xoʻp, olti kishi ham boʻlsin. Ikkitasi goʻr qazib turadi.
— Rixsiev aka, odam it boʻlsa ekan, oyogʻidan sudrab olib borib, chuqurga tashlab kela bersa. Odam oʻz nomi oʻzi bilan odam. Odamdan ulugʻ jonzot bormi...

Rixsiev gapimni ogʻzi bilan eshitdi.
— Ha, endi, bir kampir ekan-da. Bor-yoʻgʻi qorovul! — dedi. — Xalqaro ahamiyatga, aqalli mahalliy ahamiyatga molik shaxs boʻlsa ekan, bilagimizga qora lenta taqib faxriy qorovullikda tursak! Motam tutsak, nutq soʻzlasak!
— Rixsiev aka, odamning katta-kichigi boʻlmaydi. Bariyam odam. Bir odam yaxshimi-yomonmi bir umr yashadi. Qoʻlidan kelgancha tirikchilik qilib, oʻzini odam sanab yurdi. Biz bilan betma-bet boʻldi, yelkama-elka boʻldi, davrma-davr boʻldi. Endi qaytmas boʻlib ketayapti. Odam qaytmas boʻlib ketayotganda bormagan odam odammi...

Rixsiev gapimni ogʻzi bilan eshitdi.
— Kampirlarning oʻlimi mahalliy gap, oʻrtoq Qurbonov, — dedi. — E’tiborga molik emas. Ana, xalqaro arenada qanchadan qanday tragediyalar sodir boʻlmoqda. Eron shohi Pahlaviy yashirin buyruq berib, bir kinoteatrni yoqib yuboribdi. Ichida besh yuz inson bor ekan. Aha, tragediya deb buni aytadi! Dahshat! Men Eron xalqiga chuqur ta’ziya bildiraman. Men xalqaro ahvoldan tashvishdaman, oʻrtoq Qurbonov, qattiq tashvishdaman! Xalqaro vaziyat kun sayin keskinlashib bor¬moqda...

59

Ertasi ertalab uchastka militsionerimiz keldi.

Salom yoʻq, alik yoʻq, ostonada turib siyosat qildi:
— Sovet organi sizga oʻyinchoqmi? — dedi.
— Eb-ey, biz nima qildik? — dedim.
— Nega chaqirgan vaqtda bormaysiz?

Zardam qaynab ketdi:
— Borgim kelmadi! Ayolimiz bilan kinoga bordik! Boʻldimi? — dedim.
— Mashinaga chiqing!!

Hayron boʻlib, devordan boʻyladim. Eb-e-eb-e! Darvozamiz oldida militsiya mashinasi turibdi! Sap-sariq!

Koʻnglim, «shigʻgʻ» etdi. Etlarim uvishdi. Ichimda nimadir bir nima oʻpirilib tushdi.
— Uchastkovoy birodar, — dedim, — bu ishing boʻlmaydi! Mashinangni tez eshikdan ol!
— Nima, mashinani yelkangizda koʻtarib yuribsizmi?
— Birodar, hech bandaning eshigiga doʻxtir¬ning mashinasi bilan melisaning mashinasi kelgulik qilmasin! Tez ket, birov koʻrmasin!
— Boʻling, boʻling, falsafa sotmang!

Militsioner tumshugʻi ostiga tiqilib bordim. Yuz-koʻzlariga oʻqrayib-oʻqrayib qaradim. Militsio¬ner niyati qat'iy boʻldi.

Oʻqrayib turdim-turdim, keyin, choponim yoqa¬larini ochdim. Militsionerga koʻkragimni tutdim.
— Mana, otib tashla! Leking melisaning mashinasiga chiqmayman! Juda zaril boʻlsa, avtobusda boraman! — dedim.
— Unda, tez izimizdan yetib boring!

Tagʻin, militsiya mashinasini birov-yarim koʻrib qolgan boʻlsa-ya, degan hadikdan devordan koʻcha¬ga qaradim. Bovujud, koʻchada odam boʻlmadi.

60

Avtobusda rayon joʻnadim. Yoʻlda derazadan qusib-qusib bordim.

Oʻsha gʻilofli eshikni ochdim. Kapitan kattaga Dono momoni aytib berdim. Kapitan katta bosh irgʻab, hamdardlik bildirdi.

Xonaga bir militsioner kirib keldi. Kapitan katta oldiga bordi.
— Ayrimlar, Furqat koʻchasida turadigan Moʻmindan koʻrayapti, oʻrtoq kapitan, — dedi.
— Xoʻsh, qaerda ekan, bu bola?
— Koʻrinmayapti. Bildirmay, hamsoyalaridan surishtirdim. Uyida yuzlariga dori surtib yotgan emish.
— Unda, hozircha koʻz-quloq boʻlib turing, hidlanmasin. Men aytganda olib kelasiz. Hozir borib bozorning ogʻzidagi choyxonachi bilan baliqpazni olib keling.

Xiyol oʻtib, militsioner qaytib keldi.
— Olib keldim, oʻrtoq kapitan, kirsinmi? — dedi.
— Olib kiring.

Ostonada choyxonachi bilan baliqpaz koʻrindi. Choyxonachi egilib salom berdi.

Kapitan katta qalami uchini choyxonachiga nish qildi.
— Avval siz kiring. Siz esa koridorda oʻtirib turing, — dedi.

Choyxonachi qoʻllari koʻksida gilamdan yurib keldi. Kapitan katta bilan koʻrishmoqchi boʻldi.

Ammo kapitan katta qogʻozdan boshini koʻtarmadi. Qalami uchi bilan choyxonachiga joy koʻr¬satdi.

Choyxonachi dovdirab, qalamni qoʻshqoʻllab ushlab olishga bir bahya qoldi. Qoʻllarini tez tortib olib, qalam uchi tarafga oʻtirdi. Menga roʻpara boʻldi. Men bilan bosh irgʻab soʻrashdi.

Kapitan katta bir dasta qogʻozning uyogʻiga qaradi, buyogʻiga qaradi. Keyin, choyxonachiga yuzlandi. Choyxonachining kimligini yozib oldi.
— Xoʻsh, endi bizga choyxonangizda boʻlgan urushni gapirib bering, Sattorov aka, — dedi.
— Urush? Qanaqa urush?
— Yigirma toʻrtinchi yanvar, yakshanba kuni boʻlgan urushni.
— Qanaqa urush? Tush mahali? E, ha-a, boʻldi, boʻldi! Bu bizning choyxonada emas, koʻchada boʻlgan, kapitan uka.
— Ishqilib, choyxonangiz oldida boʻlgan-da.
— Endi, kapitan uka, bozor kuni odam koʻp boʻladi. Qoʻlim qoʻlimga tegmaydi. Hatto qulogʻim eshitmaydi...
— Xoʻsh, oddiy choyxona shovqini bilan ur-toʻpolon shovqinining farqiga borarsiz?
— Bormayman, kapitan uka, bormayman. Hamma gap shunda! Mana shu quloqlarim osti «gʻuvv-gʻuvv» etadi. Kim gapirayapti, nimani gapirayapti, farqiga bormayman. Sizga yolgʻon, menga chin. Manavi barmoqlarim bilan sanab aytaman: ovozlarning ichida cholnikiyam bor — bir! Yoshnikiyam bor — ikki! Momonikiyam bor — uch! Qiznikiyam bor — toʻrt! Chaqaloqnikiyam bor — besh! Xoʻ-oʻsh, beshta boʻldimi? Endi boshqalar¬niyam sanaymiz. Bulardan boshqa koʻchadan oʻta¬yotgan «Jiguli»nikiyam bor — bir! Bozordan qaytgan sigirnikiyam bor — ikki...
— Boʻldi, boʻldi. Siz menga koʻrgan voqeangizni gapirib bering!
— Iya, eshitmagandan keyin qanday qilib koʻraman, kapitan uka?
— Koʻzingiz bor-ku, ana-ku.
— Toʻgʻri, koʻzim bor. Yaratganning oʻzi bizgayam koʻz bergan, koʻrib turibsiz. Lekin bilasizmi, kapitan uka, choyxonamizning bir piyola choyi nasib etganda koʻzingiz tushgandir, samovar choyxonaning ichida, ha! Maydagina tuynugi bor. Mana shuncha! Shu tuynikdan choy beraman. Tuynuk koʻkragim baravar keladi. Mana shunday enkayib qaramasam, tashqarini koʻrmayman. Egila berib-egila berib, bellarim ogʻrib ketdi, kapitan uka.
— Xoʻsh, shu voqeadan sal boʻlsayam xaba¬ringiz bordir?
— Bor, kapitan uka, bor. Bir egilib qarab, koʻcha yuzida odamlar toʻdalashib turganini koʻrdim. Boshqa hech nimani koʻrmadim.
— Boʻpti, boring. Zaril boʻlsa, yana chaqiramiz. Hamrohingizga ayting, kirsin.

Choyxonachi qoʻllari koʻksida kapitan kattaga bosh irgʻadi. Goʻyo birov quvib kelayotganday pildirab, eshikka qarab yurdi.

Baliqpaz kirib keldi.

Kapitan katta baliqpazning-da kimligini yozib oldi.

Baliqpaz yoyilib oʻtirishi, eshitamiz, deganday kapitan kattaga qoshlarini chimirib qarashidan dimogʻdor, koʻpni koʻrgan odam boʻldi.

Birodarlar, men shu odamdan umid qildim!
— Xoʻsh, endi sizdan eshitamiz, Shukurov aka?

Baliqpaz pinagini-da buzmadi. Mijjasini-da qoqmadi.
— Nimani eshitasiz? — dedi.
— Xoʻ-oʻ-oʻsh...
— Eshitdim, uchastkavoy aytdi. Men hech nimani koʻrganim yoʻq. Shu! Yozib berishim ham mumkin. Shu! Ketsam maylimi? Uyogʻda ish qolib ketayapti. Shu!
— Gap endi boshlandi, shoshilmang. Oʻrningizga odam qoʻyib kelgandirsiz.
— Oʻgʻlim qoldi. U hali yosh, xoʻrandalarni ranjitib qoʻyishi mumkin. Shu!
— Xoʻsh, koʻp shushulamang! Gapga javob bering! Bir inson taqdiri hal boʻlayapti! Tushun¬dingizmi?
— Siz ham mansab stolingizdan foydalanib, xalqqa baqirmang! Shu!
— Men xalqqa emas, sizga gapirayapman!
— Xalq bir kishidan boshlanadi! Shu! Men xalqning bir boʻgʻiniman, shunday ekan, menga koʻp baqirmang! Shu!
— Baqirayotganim yoʻq, gapirayapman.
— Baqiryapsiz! Shu!
— Xoʻsh, ana baqirmadik. Oʻzi bugun chap yogʻingiz bilan turganga oʻxshaysiz, Shukurov aka. Boring, sizga ruxsat, yana chaqiramiz.
— Ixtiyoringiz! Baribir, shu gapim gap! Shu!

Baliqpaz gʻoʻdayib chiqib ketdi.

Kapitan katta menga-da javob berdi.
— Yana kelasiz, — dedi.
— Kapitan katta, uyda ishlarim qoʻqib yotibdi. Buyogʻi koʻpkarilardan qolib ketayapman. Boshim¬ni qashigani fursatim yoʻq...
— Xoʻsh, men nima qilay, aka? Bu ishga oʻzi guvohning keragi yoʻq, ana meditsina xulosasi bor. Sizlar faqat jinoyatchilarni aniqlashga yordam bersalaringiz boʻldi. Haligi baliqpaz bilan choy¬xonachi jinoyatchilarni taniydi. Ularning gapini esa eshitdingiz...

61

Yoʻl chetidan yurdim. Shu gap boʻlgan yerdan oʻtdim.

Bir mahal oq xalatlik bir odam yoʻlimni toʻsdi. Bu oʻsha baliqpaz boʻldi. Baliqpaz tirsagimdan ushlab, meni baliqxonasiga yetakladi. Qozondan xolisroq bir joyga oʻtirgʻizdi. Tizzamga kaftini qoʻyib soʻradi:
— Meni siz chaqdingizmi, aka?
— Chaqqanim yoʻq.
— Chaqibsiz-da! Shu! Chaqish bundan ziyod boʻladimi?
— Men koʻrganimni aytdim, birodar.
— Aka, chaqish — ayolning ishi! Shu! Siz binoyiday erkaksiz-ku! Koʻrganimni aytdim, deysiz. Nimani koʻrdingiz? Xoʻsh, qani?
— Endi, birodar, men sizga aytsam, oʻzingizdan ham oʻtdi-da. Koʻrib turib bormadingiz-a. It boshi bilan kuchugingiz chopib keldi.
— Endi u — it! Shu! Oʻzi oti oʻzi bilan — it! Boʻlgan-boʻlmaganga aralashib, hurib yotadi! Boʻl¬masa, birov bilan nima ishi bor? Oʻzini bilib yotmaydimi? It — it-da! Itligiga boradi-da! Axir, siz bilan biz odammiz-ku, odam! Kelib-kelib, itga teng boʻlib oʻtiramizmi! Itga teng boʻlmasligimiz kerak! Shu! Oʻzi, qarindoshingiz ajab odam ekan. Bolalar urib yiqitadi, yana turadi, yana yiqitadi, yana gandiraklab turadi.
— Nima qilsin boʻlmasa?
— Yota bersin! Shu! Uch yigitga yolgʻiz oʻzi bas kelarmidi! Men boʻlganimda birinchi musht kelib tushdimi, boʻldi, oʻzimni yerga tappa tashlar¬dim. Qaytib joyimdan turmasdim! Shu! Tursam, baribir, yana uradi-da! Ular ketguncha oʻzimni behushlikka olib yotardim. Qarabsizki, bir musht bilan qutulib qolardim! Biron yerim ham shikast yemasdi! Shu! Ana, oqibat, qarindoshingiz chalajon boʻlib, kasalxonaga ketdi! Shu! Holidan xabar olib turibsizmi? Qalay endi?
— Borganim yoʻq!
— Iya, nega?
— Men uni tanimasam, bilmasam...
— Iya, hali tanimaysizmi?
— Esa-da.

Baliqpaz yuzimga enkayib qaradi.

Gapim jiddiyligini bilib, tizzasiga urib kuldi.
— E, aka-e, aka-e! Afandi ekansiz-ku!

Baliqpaz yogʻoch panjara oldida yotgan kuchu¬giga qaradi. Oʻzicha boshini chayqadi. Tagʻin kuldi.
— E, aka-e, e, aka-e! Qarindoshingiz boʻl¬masa, aqalli tanishingiz boʻlmasa, sizga nima? Qip-qizil Afandi ekansiz! Shu! Yo, undan biron nima undirdingizmi!
— Nima undirardim, birodar...

Baliqpaz barmoqlarini bir-biriga ishqab koʻr¬satdi.
— Pulmi? Unday demang, birodar, unday demang...
— Boʻlmasa nimaga buncha kuyib-pishasiz? E, aka-e! Afandi! Shu! Hali yana borasizmi? Unda, bunday, aka, siz meni koʻrganingiz yoʻq, men sizni koʻrganim yoʻq. Agar yana chaqsangiz, qattiq xafalashamiz! Shu!

Avtobusga oʻtirdim. Koʻzim ilinib-ilinib ketdi.

Birodarlar, boshim ogʻriyapti, boshim...

62

Nazir juvozkash koʻpkariga Olmakoʻz baytalini minib keldi.

Oʻziyam, baytali Olmakoʻzmisan, Olmakoʻz boʻldi-da! Koʻzlari boʻtaloq koʻzlariday katta-katta, dum-dumaloq, olmaday-olmaday keladi! Yana tagʻin, chuqur-chuqur, qop-qora! Sagʻrinlari enlik-enlik! Sagʻrinlari loʻmbillaydi, biliq-biliq etadi!

Tarlonimiz koʻzi ana shu Olmakoʻzga tushdi! Tarlonimiz bir boshqa boʻlib qoldi! Tarlonni uloqqa soldim — Tarlon Olmakoʻz tarafga yurdi. Jilovni tortdim — Tarlon Olmakoʻzga qarab talpindi. Tarlonni uloqchi ot ketidan qoʻydim — Tarlon Olmakoʻz tarafdan chopdi! Nima qilishimni bilmadim.

Nazir juvozkashga aytgichimni aytdim:
— Ay birodar, shu baytalingizni koʻzdan pana qiling, baraka toping!

Chavandozlar hingir-hingir kuldi. Shoʻxchan-shoʻxchan gaplar otdi.

Nazir juvozkash koʻpkaridan ketdi.

Shukur qilib, Tarlonni uloqqa soldim. Tarlon tagʻin taysalladi. Boʻlmasa, kayfiyati binoyiday boʻldi.

Toqatim toq boʻldi. Zardam qaynadi. Qamchi dastasi bilan Tarlon boshiga soldim.
— Padaringga la’nat, mana senga, mana! — dedim.

Tarlon old oyoqlarini koʻtarib-koʻtarib falakka sapchidi. Boʻgʻilib-boʻgʻilib pishqirdi. Olislarni aylanib chopdi. Gʻarq terga botdi. Peshonasidan terlar oqdi. Baliq ogʻziday kappa-kappa ochilib-yopilayotgan burniga sizib tushdi.

Choti aralash qamchi solib-solib, tagʻin uloqqa qoʻydim. Tarlon tagʻin oʻzini keyiniga oldi!

Bu safar qamchi dastasi bilan quloqlari orasiga urdim, yuzlariga urdim...
— Hali kammi? Mana boʻlmasa, mana! Yega¬ning burningdan chiqqur! — dedim.

Tarlondan egar-abzalini, yuganini shilib oldim. Kallasiga bir urdim.
— Ket, hayvon, ket! Qazisan, qartasan, asli naslingga tortasan! Tortding, aslingga! Ket! — dedim.

Tarlon yollari selkillab-selkillab qochib qoʻya berdi.

Birodarlar jahl kelganda aql ketadi, deganlari shu-da!

Koʻpkari oxirini qaramadim. Egar-abzallarni qoʻltiqlab, uyimizga joʻnadim.

Ayolimiz alagʻda boʻlib, Tarlonni soʻradi.
— Soʻrama ayol, soʻrama, — dedim. — Termizdan artistlar kelib, klubda teatr qoʻygani esingdami? Oʻsha teatrda Alisher Navoiy nima deb edi? Hayvonni qancha tarbiya qilma, it boʻladi, eshak boʻladi, aslo odam boʻlmaydi, deb edi! Navoiy haq ekan, ayol! Bekorga Navoiy, Navoiy, demas ekanlar! Koʻkayim qurib ot boqdim. Oʻzim yemadim, Tarlonga yedirdim, oʻzim ichmadim, Tarlonga ichirdim. Bolalar rizqidan-da urib, Tarlonga yedirdim. Tarlon baribir odam boʻlmadi! Urib-urib haydab yubordim! Bahridan oʻtdim! Tarlon koʻr boʻladi, Tarlonni tuzim koʻr qiladi...
— Bekor qilibsiz-da, koʻp pullik mol edi, — dedi ayolimiz.
— E-e, puli boshimdan sadaqa! Ayol zoti boshdan adoq zarga oʻralgan bilan, shoyi-shomilaga belangan bilan, oʻzi yomon boʻlsa, unday ayolning kimga keragi bor? unday ayolni zari bilan qoʻshib, shoyi-shomilasi bilan qoʻshib, uch taloq qoʻymoq lozim! Ot ham shu-da! Yomon ot — yomon ayolday gap! Erkakni el orasida sharmanda qiladi! Mana, Tarlon yuzlab chavandozlar oldida yuzimni yerga qaratdi!

Shunday deyishga dedim. Ana, dedim. Ammo koʻnglim tub-tubida nimadir... nimadir bir nima mayda-mayda ushoq boʻlib-boʻlib ketdi. Tarlon uchun ich-ichimdan rahmim kelib-kelib ketdi...

63

Kechasi bir mahalda katta darvoza doʻq-doʻq etdi.

Yelkamga choponimni tashlab, tashqariladim.
— Kim u bemahalda kelgan? — dedim.

Tashqaridan ovoz boʻlmadi. Darvoza zanjiri shil¬dir-shildir etdi. Oshiq-moshigʻi gʻiyq-gʻiyq qildi.
— Hozir, mana hozir! — dedim.

Borib, darvoza tambasini oldim. Zanjirini yechdim. Darvozani lang ochdim.
— Eb-ey-eb-ey!

Ostonada oʻzimizning Tarlon turibdi! Bir oʻzi!

Kambagʻal iltijoli pishqirdi, kambagʻal tum¬shugʻini choʻzdi, kambagʻal moʻltayib qaradi.

Nima deyishimni bilmadim, nima qilishimni bilmadim.
— Kelibsan-da... Kelmasang, oq butum qora kuyarmidi... — deya toʻngʻilladim.

Tarlon bilan gap qoʻshmadim. Yuziga-da qaramadim. Yuzimni teskari burdim.
— Sen ham odam boʻlding-u... — deya toʻngʻil¬la¬dim.

Birodarlar, eshikdan kelgan odamni ket, deb boʻladimi? Boʻlmaydi, boʻlmaydi!

Shu bois, miq etmadim. Gapsiz-soʻzsiz ichkari yurdim.

Tarlon ketimdan ergashib keldi.

Borib, otxona eshigini ochib turdim.

Tarlon moʻmingina boʻlib kelib, otxonaga kirib oldi. Ichkari kirib olib, pishqirdi. Endigi pish¬qirishida koʻngli toʻqlik boʻldi.

Ustidan zanjirlab keldim.

64

Ertasi ertalab Nazir juvozkash keldi. Devordan boʻylab ovoz berdi.
— Ziyodulla chavandoz, berman bir qarang! — dedi. Bir-bir bosib bordim. Devordan qoʻl uzatdim. Koʻrishib-soʻrashdim.

Nazir juvozkash bola-baqrani soʻradi, tomi toshni soʻradi. Keyin, mol-holga oʻtdi.
— Ha-a, — dedi. — Bizning kuyov qanday? Xoʻp damliginami?

Oʻylab turdim-turdim. Nazir juvozkash nima dedi, tushunmadim.
— Qanday kuyov? — dedim.
— Qanday kuyov boʻlardi, Tarlon kuyovimiz-da.
— E, ha, Tarlonmi? Shukur, shukur.
— Oʻzi, kuyov keldimi?
— Keldi, ha, keldi. Nima edi?
— Shunday, alagʻda boʻlib soʻrayapman-da.

Nazir juvozkash boʻlib oʻtmish gapni bir boshidan aytib berdi.

Emishki, bizning Tarlon oʻsha ketishida toʻgʻri Nazir juvozkashnikiga boribdi. Darvozadan kish¬nab-kishnab kiribdi.

Bu vaqtda Nazir juvozkash Olmakoʻzini yalan¬gʻochlayotgan boʻlibdi. Tarlonni koʻrib, hayrondan hayron qolibdi. Nima qilishini bilmabdi, nima deyi¬shini bilmabdi.

Nazir juvozkash nima-da qiladi, nima-da deydi? Kuyov oʻz oyogʻi bilan oʻzi kirib keldi. Eshikdan egilib kelib turgan kuyovga bir nima deb boʻladimi? Boʻlmaydi, boʻlmaydi!

Nazir juvozkash oʻylab qolibdi. Kuyov-ku uyalmadi, kuyov-ku, or qilmadi. Endi men uyalayin debdi, endi men or qilayin, debdi. Chaponi yoqasi bilan yuzlarini berkitibdi, yerga qarab-qarab, uyiga kirib ketibdi.

Birodarlar, kuyovni paygʻambarlar-da siylagan! Ahay-ahay!

Men devorga tirsaklarim bilan suyanib eshitdim. Boshimni sarak-sarak etib eshitdim.

Tarlon Olmakoʻzga boʻy berib-boʻy berib bo¬ribdi.

Olmakoʻz hurpayibdi, quloqlarini dikkaytiribdi, yollarini hurpaytiribdi, dumlarini tikraytiribdi. Toʻl¬¬gʻonib-toʻlgʻonib kishnabdi. Orqa oyoqlarini ser¬¬mabdi. Tepib yuboraman-tepib yuboraman, debdi.

Tarlon bir sapchib chetlanibdi. Olmakoʻzni aylanib chopibdi. Dirk-dirk oʻynabdi. Olmakoʻz te¬va¬ragida doira yasabdi.

Tarlon Olmakoʻzga kift berib-kift berib boribdi.

Olmakoʻz zinkiyib-zinkiyib pishqiribdi. Tishla¬rini irjaytirib-irjaytirib gʻijirlatibdi. Tishlab olaman-tishlab olaman, debdi.

Tarlon epchillik bilan chetlanibdi. Olmakoʻzni aylanib chopibdi. Dirk-dirk oʻynabdi. Olmakoʻz tevaragida doira yasabdi.

Tarlon Olmakoʻz bilan yuzma-yuz boribdi. Yuzlarini yuzlariga tekkizibdi.

Olmakoʻz pishqirib-pishqirib, yuzlarini chetga buribdi. Yuzlarini olib qochibdi.

Tarlon Olmakoʻzni aylanib chopibdi. Dirk-dirk oʻynabdi. Olmakoʻz tevaragida doira yasabdi.

Tarlon Olmakoʻz bilan tumshuqma-tumshuq kelibdi. Olmakoʻz bilan tumshuqlarini tekkizib-tekkizib iskashibdi. Pishqirib-pishqirib iskashibdi. Olmakoʻzining ogʻziga pishqirib iskashibdi, burniga pishqirib iskashibdi. Olmakoʻzga bir nimalar debdi, bir nimalar aytibdi. Nimalar debdi, nimalar aytibdi — unisini yolgʻiz oʻzi bilibdi, yolgʻiz Olmakoʻz bilibdi...

Tarlon koʻngil beribdi, Olmakoʻz koʻngil olibdi! Ahay-ahay!

Oxir-oqibat... Olmakoʻz dildorlik beribdi!..
— Yoʻgʻ-e? — dedim.
— Ha-da! — Endi quda boʻldik, Ziyodulla chavandoz, quda-qudagʻay boʻldik!
— Hazillashmang-e, juvozkash, hazillash¬mang-e!
— Behazil, quda, behazil! Oʻziyam qayliq oʻyini¬misan, qayliq oʻyini boʻldi-da... O-o-o!.. Kuyovni nima berib boqqansiz, Ziyodulla chavandoz?

Boshimni chayqab-chayqab kuldim. Qoʻlimni siltab-siltab kuldim.
— Gapingiz qursin-e, juvozkash-e, gapingiz qursin-e!
— Ebo-e, ana qayliq oʻyini, mana qayliq oʻyini... O-o-o!..

Yuzlarimni ushlab-ushlab kuldim, yuzlarimni berkitib-berkitib kuldim.
— Boʻldi-e, juvozkash-e, boʻldi-e!
— Ebo-e... Qarang-a! Ebo-e... qarang-a!
— Astarogʻ-e, ayol eshitadi-e!
— Ebo-e... Qarang-a! Biz ham yurgan ekanmiz-da... O-o-o, ana mana!..
— Qanday-qanday?.. Boʻldi-e, ayol eshitadi-e!
— Siz bilan biz ham... yurgan ekanmiz-da, Ziyodulla chavandoz! O-o-o, ana... mana...!
— Astaroq deyman-e, ayol eshitadi-e!
— O-o-o, haloling boʻl-e, kuyov-e, haloling boʻl-e!..

Xandon-xandon otib kuldim.
— E, tavba-e, e, tavbangdan-e! Shoʻxlashmang-e, juvozkash-e, shoʻxlashmang-e!
— Beshoʻxi, quda, beshoʻxi! Ana kuyov, mana kuyov! O-o-o, ana... mana..!

Qah-qah urib keldim.
— Boʻldi-e... Bizning Tarlon shoʻx ekan-da, a, shoʻx ekan-da?
— Ha-da! Egasiga tortganmi, bilmayman! Mol egasiga oʻxshaydi, deydi-ku...

Ketimga chalqayib-chalqayib kuldim.
— Nima-nima? — dedim.
— Mol egasiga oʻxshamasa, harom boʻladi...

Devordan bugʻdoyday kesak olib, Nazir juvozkashga otgan boʻldim. Juvozkash bilagi bilan betini pana qilgan boʻldi.
— Astarogʻ-e, ayol eshitadi, astarogʻ-e! — dedim. Kaftlarimni kaftlarimga qars-qars urib kuldim.
— Bizning Tarlon shoʻx ekanmi-a, shunchalik shoʻx ekanmi? Ay, Tarlon-e, ay, Tarloni tushmagur-ey! Qoʻllarimni bir-biriga ishqab-ishqab kuldim.
— Bizning Tarlon shoʻx-da, shoʻx! Bir shoʻx¬lashibdi-da! Oʻtadigan dunyoda bir shoʻx¬lashayin, debdi-da! — Kula berib-kula berib, ichlarim ogʻrib qoldi. Kula berib-kula berib, koʻzlarim yoshlanib qoldi.
— Mol egasiga oʻxshaydi, deysiz-da? Ay, ukkagʻarning qudasi-e! — dedim. — Ayniqsa, ot egasiga oʻxshaydi, deysiz-da? Ay, ukkagʻarning qudasi-e!..

Garchi qoʻlimga bir nima ilashmasa-da, devordan kesak olib otgan boʻldim. Garchi bir nima otilib bormasa-da, juvozkash pusib qolgan boʻldi.
— Ay, kuchingdan Tarlon-ey, kuchginang¬dan-e!— dedim.

Miriqib kuldim, huzurlanib kuldim, maza qilib kuldim!

Bir amallab oʻzimni bosib oldim. Yuz-koʻzlarimni artdim.
— Ha-e, shunday-shunday boʻladi-da-e! Issiq jonda-e, issiq jon! — dedim. — Qani, ichkarilang, quda, choy ichamiz?
— Yoʻgʻ-e, quda, yoʻgʻ-e. Esimning borida juvozxonamga ketayin. Boʻlmasa, kuyov boʻlmish kelinni koʻrib qoladi-da, tagʻin hiqillab yopishadi!
— Shundaymi, unda, maylingiz. Oʻzi, kelin qaerda, quda?
— Ana kelin, ana!

Devordan uzalib qaradim.

Nazir juvozkash ostidagi otini koʻrsatdi.

65

Samad chavandoz koʻpkarining olgan-olgani¬ni— oxirini oldi.

Qaytishimizda barimizni uyiga aytdi. Samad chavandoz uyi oldiga kelganimizda oʻylanib qol¬dim. Mendan boʻlak chavandozlar uyi yaqin boʻldi. Chavandozlar otlarini bogʻlaydi-yu, keladi.

Bizniki xiyla olisda boʻldi. Tarlonni uyimizga bogʻlab kelaman degunimcha, qozon ikki qaynaydi. Chavandozlar mening yoʻlimga qarab oʻtirmaydi. Goʻshtni yeydi-qoʻyadi!

Yana tagʻin, erinib, kelolmasligim-da bor.

Oʻylab-oʻylab, qoladigan boʻldim. Nafs qurgʻur yomon-da!

Tarlonni darvoza ustuniga bogʻladim. Koʻpkaridan olgan gilam, toʻnlarni egardan oldim.

Shunda, koʻchadan kenja qaynimiz Qoraqul oʻtdi.
— Yoʻl boʻlsin? — dedim.
— Siznikiga, — dedi qaynim.
— Ma, Tarlonni-da ola ket, — dedim.

Qaynimni oyogʻidan olib, otga mindirib yubordim.

Samad chavandoznikida yonboshlab olib, tana ilik soʻrdim.

Chavandozlar boʻlib oʻtmish koʻpkari gurungini qildi. Otlarga ta’rif berdi. Oʻzlaridan oʻtgan xato¬lik¬larni betlarga aytdi. Yaxshiliklarini yodladi. Bir-birlari yelkalariga qoqdi, tizzalariga shapati¬ladi.
— Ay, yasha-e, yasha! — dedi.

Chavandozlar hamroz boʻldi. Bir-biriga aql boʻldi.

Samad chavandoz mixda osigʻliq doʻmbirasini oldi. Tinqillatib-tinqillatib sozladi. Chertib-chertib boshladi.

Xayollarga gʻarqob boʻlib yonboshlab yotib edim, gal menga keldi. Men chordona qurib oʻtirib oldim. Bilaklarimni turdim. Doʻmbirani sozimga soldim. Hakkalabosim-hakkalabosim nagʻmalardan chaldim. Chavondozlar koʻnglini qitiqladim.

Samad chavandoz oʻtirgan yerida yelkalarini qoqib-qoqib oʻynab qoʻya berdi!

Soʻzni soʻzga choʻqishtirdim, gapni gapga urishtirdim, otlarni nagʻmalarga soldim. Otlar ashula boʻldi! Ahay-ahay!

Bul sagʻringga qarayman

Kuyovli qiz yotguday,

Burningdan chiqqan damingga

Karrak bossa yonguday,

Quloqlaring orasidan

Qoʻshtegirmon suv oʻtguday!..

Birodarlar, ashula ichidagi ot bor-ku? Oʻsha oʻzimizning Tarlon, ha!

Ana, Tarlon dirk-dirk oʻynadi. Beponyon Vaxshivor adirlariga qarab kishnadi. Zalvorli adirlardan aks sado keldi...

Yo, sizning otingiz-da bizning Tarlondaymi? Bizning Tarlonga kelbat beradimi? Unda, sizning otingiz-da ashula boʻlibdi-da? Ahay-ahay!

Hadeb otni ashula qila berish boʻlmas! Endi chavandozlarga-da oʻtayin! Kimni ashulaga solsam ekan? Shu burchakda oʻy surib oʻtirgan Odina chavandozni ashulaga solsammikin? Oʻttizni urib qoʻydi, hali-da uylanmadi! Bir qitigʻiga tegayin! Zora, yigitlik gʻururi varaja qilsa! Ahay-ahay!

Qidirib chopsang biror kun

Keng Qoʻngʻirotning toʻyini,

Olib yotsang, joʻrajon

Qora uyning toʻrini,

Olib quchsang naylayin

Burni kulgan bir parini,

Shu chiqarar kuygan yurak cherini!
— Ha, doʻ-oʻ-oʻst!
— Qoʻyma, Ziyodulla chavandoz, qoʻyma!

Chavandozlar gap qayoqqa borayotganini bildi.

Gap egasi-da oʻzini bildi, oʻzini tanidi. Koʻzlari pir-pir etdi. Koʻzlari yerga qadaldi.

Birodarlar, boʻydoqning aqli ikki koʻzida boʻladi!

Men endigi gapimni nagʻmalarsiz aytdim:
— Odina chavandoz deyman-ov! Yigitning boshi ikkita boʻlmagunicha, moli ikkita boʻlmaydi! Uylan-da endi, birodar! Ogʻzingga tolqon solganday miq etmay yurasan! Ayt-da, oʻzi nima gap? Biz se¬ning uzangi yoʻldoshlaringmiz! Yaxshi kuningga-da, yomon kuningga-da yaraymiz!

Chavandozlar gapimni quvvatlab turdi, ma’qullab turdi.

Oxiri, Odina chavandozdan sado chiqdi! Odinasi qurgʻur, bizning qaynsinglimizni koʻz ostiga bosib yuribdi ekan! Ana, gap! Bir safar sovchi-da qoʻyibdi, ammo qaynonamiz yoʻq, debdi! Ana.
— Odina chavandoz-ov, yosh yigit koʻzi bilan qiz olma, deydilar. Bizning qaynisinglimizdan boshqasi boʻlmaydimi? — dedim.
— Yoʻq, boʻlmaydi! — dedi Odina.

Odina chavandoz olamda bizning qaynsinglimizdan oʻzgasini tan olmas emish! Qaynsinglimiz olamda yakkayu yagona emish!
— Yoʻgʻ-e? — dedim.
— Ha! — dedi.
— Chiningni ayt? — dedim.
— Chinim! — dedi.

Birodarlar, dil ketgan emish, dil! Ahay-ahay!
— Ay, Odina chavandoz, unda, qoʻlni ber, oʻzim¬¬ sovchi boʻlaman! — dedim. — Qaynsinglimni senga olib berib, sen bilan boja boʻlmasam, Ziyodulla chavandoz otimni boshqa qoʻyaman! Shu kundan e’tiboran, ikkovimiz boja! Ay, Odina chavandoz-ov, nariroq oʻtir, boja bojani koʻrsa... — dedim.

66

Birodarlar, yosh bolaga ish buyur-u, izidan oʻzing yugur, degani haqqost chin boʻldi!

Qaynimiz nima qilibdi deng? Qaynimiz uyimiz oldidan oqadigan ariqqa kelib, Tarlonni suvga qoʻyibdi. Gʻarq terga botib turgan Tarlon toʻyib-toʻyib suv ichibdi. Keyin, Tarlonni otxonaga olib kirib bogʻlab qoʻyibdi...

Ertalab Tarlonni otxonadan yetaklab chiqdim. Aylantirib qaradim. Qorin etlari dir-dir uchdi, pir-pir uchdi!

Birodarlar, otga suv tushsa ana shunday boʻladi! Tarlonga suv tushibdi!

Ay, qaynim-e, ay, kalla-e! Endi senga nima deyin? Ot gʻarq terga botsa, suv ichirib otxonaga bogʻlab boʻlmaydi, deyinmi? Mabodo ichirsa, xiyla yoʻl yurish lozim boʻladi, boʻlmasa otga suv tushadi, deyinmi? Keyin, ot koʻpkariga yaramay qoladi, deyinmi! Maktabda komsomollar kattasi boʻlsang-da, shuni-da bilmaysanmi, deyinmi? Bitta-da toʻrti yoʻq a’lochi Qodirov Qoraqul boʻlaturib, shunga-da farosating yetmadimi, deyinmi? Omon surnaychi¬ning qizi bilan partaning ostidan xat olishib-xat berishib turishga yetgan aqling shunga yetmay qoldimi, deyinmi? Mendayin bir kal boʻlsang ekan, aqli sochi bilan qoʻshilib toʻkilib ketgan desam, deyinmi? Kallang toʻla jun boʻlsa, deyinmi?

Demayin, demayin! Qayniga ilkis gapirib boʻladimi...

Opasi bizda!

67

Tarlonni mindim, suvini tushirish bilan mashgʻul boʻldim.

Koʻpkarilarga minib bordim.

Borsam-da, chopmadim. Birovlar otida chopdim

68

Vaxshivordagi bir koʻpkarida-da shunday boʻldi.

Magʻribdagi oppoq togʻ Keragatogʻ boʻldi. Keragatogʻ Hisor togʻlari davomi.

Keragatogʻni yaqin deb boʻlmaydi. Purviqor¬ligidan bir qadam boʻlib koʻrinadi. Keragatogʻdagi mayda-mayda olachiporlar archa boʻldi. Aslida archalar-da mayda emas. Olisdan mayda koʻrinadi. Archalar ulkan-ulkan, boʻyi qayragʻochday keladi. Beli odam beliday keladi.

Qirlar, adirlar qor boʻldi. Amirlar oʻngiridagi Qorbosdi dashtida qora boʻldi. Etik koʻmar qor boʻldi.

Qorda jonivorlar izi boʻldi. Izlar tevaragida tovuq patlari sochilib yotdi. Bular tulkilar ishi boʻldi. Besh panjali izlar boʻriniki boʻldi.

Osmon yuzi pokiza boʻldi.

Boshimizda kun yondi. Kun betiga qarab boʻlmadi. Baliq tangasiday-baliq tangasiday qor uchqunlari yilt-yilt etdi, koʻzdan yosh oqizdi.

Tevarak moyakdayin ravon, supradayin oq boʻldi. Qaer chuqur, qaer oʻr, bilib boʻlmadi.

Koʻnglimga hadik tushdi. Uloqqa oyogʻim tortmadi. Kelishga-ku keldim, endi chopayin, dedim. Chopadigan boʻldim.

Joʻra boboning otida chopishni azm etdim.
— Koʻzingga qarab chop! — dedi Joʻra bobo.

Koʻnglimga yanada hadik tushdi. Telpagimni qoshimgacha bostirib, koʻzimni kundan pana etdim. Ichimda kalima qaytardim. Supraday oppoq dashtda uymalashayotgan qop-qora toʻdaga qarab yurdim.

Chavandozlar bilan otlar nafasi bugʻlanib-bugʻlanib yoyildi. Otlar chopishini koʻrib, otlarga rahmim keldi, kulgim-da keldi. Otlar oyogʻini qordan zoʻrgʻa oldi. Tor-tor odim otdi. Yoʻrtib yura¬yotganday boʻldi. Zabtli-zabtli chopolmadi. Oyogʻi qorga botib-botib qoldi.

Qor, ot koʻzini shafaqlatdi, ot koʻzini oldi.

69

Uloqqa koʻnglim chopmadi. Chetroqda tomoshagoʻy boʻlib turdim.

Shunda, ajab bir chavandoz koʻrdim. Qoʻlimni qoshim ustiga qoʻyib koʻrdim.

Chavandoz ostidagi ot maydagina, yermitti ot boʻldi. Sariq junlari buzoqnikiday uzun-uzun boʻldi.

Uzangisiz shekilli, chavandoz oyogʻi qorga shalvirab-shalvirab turdi.

Kulgim keldi. Bu chavandoz kim boʻldi ekan, deya yaqinroq borib qaradim. Chavandoz betiga qarab, angrayib qoldim. Kulgim qochib ketdi. Bu chavandoz... oʻsha qatron boʻldi! Qatron kal bu yoqlarda nima qilib yuribdi?

Toʻda naryogʻida turgan Joʻra bobo oldiga bordim. Joʻra bobodan soʻradim.

Joʻra bobo qoʻl siltab javob berdi.
— Bir yaxshiga bir yomon har yerda bor. Darrov tanidingmi? — dedi.
— Kalladosh boʻlgandan keyin taniymiz-da... — dedim.

Qabatimdagi birov gapga aralashdi:
— Shu, boshqarmaning eski boshligʻimi? Oʻzim ham aytdim-a, bir gap bor deb.
— Nima boʻpti?
— Kal deganimni koʻnglingizga olmang-u, Ziyodulla chavandoz, bu kalning yuzi qursin! Ana, xalqning qargʻishi urdi!
— Indamagin kalga — oʻzi kelar holga, deydilar.
— Otangizga rahmat. Ana, koʻchada itday tentirab qoldi.
— Nima sizlarga-da kelib edimi?
— Eha, siz soʻramang, men aytmayin! Otlarni qiyratib ketdi! Shu toʻy xoʻjasi oshnasi boʻladi, buniyam oti qolmadi! Bechora oʻshanda oti ketidan yigʻlab qoldi! Kal endi toʻyiga kelib oʻtiribdi! Bilmayman, qaysi yuz bilan keldi. Oʻzi, kallasi bilan yuzining farqi yoʻq ekan...
— Unga oʻzi otni kim berdi?
— Oʻzi soʻradi. Oʻzi dir-dir qaltiraydi, botin¬kasini botinkasiga uradi. Gʻirt mast! Hojiqulboy ham bopladi! Hurmat qilgan boʻlib, bir eshakday otni oʻngladi. Siz kattasiz, yaqinroqdan borib koʻpkarini nazorat qilib turing, dedi. Bechora ishonib, koʻpkariga rahbarlik qilgani keldi.
— Otdan tushsa ham, egardan tushmaydi...

Chavandozlar otini zoʻr berib niqtadi, sagʻrisiga qamchi bosdi. Hayqiriqlar berib, uloqqa chorladi.

Bakovul toʻdani aylanib, haybarakallachi boʻldi:
— Ot qoʻy! Ha, ot qoʻy!

Qatron kal, hayqirib chorlayotgan chavandoz¬larni tartibga chaqirib turdi:
— Shovqin, oʻrtoqlar, shovqin! Shovqin kamroq boʻlsin! — dedi.

Bir chavandoz oti uloqqa bora bermadi. Shunda chavandoz otini qamchi ostiga oldi.
— He, padar la’nati! Mana, boʻlmasa, mana! — dedi.

Qatron kal chavandozga ogohlantirish berdi:
— Soʻkinmang, oʻrtoq chavandoz! Bu yer jamoat joyi! — dedi.

Chavandoz eshitmadi.

Ammo bakovul eshitdi. Qatron kalga xoʻmrayib-xoʻmrayib qaradi.
— Kal oʻzini ovutar — qoʻltigʻini sovutar, degani shu-da — deya toʻngʻilladi.

70

Birodarlar, koʻnglimda armon bolaladi!

Tarlon yaxshi boʻlsa edi, uloqqa solardim... Qatron kalga bir koʻrsatib qoʻyardim...

Joʻra boboning Toʻrigʻi gijingladi. Jilovni sil¬kib, uloqqa talpindi. Toʻriq uloq ayirgisi keldi! Bunday vaqtda otni yoʻldan qayirish insofdan boʻl¬maydi. Otni suvga olib borib, quruq qaytarib kelish boʻladi. Oqibat, ot yomon oʻrganadi. Uloqdan, chavandozdan koʻngli qoladi.

Joʻra boboning Toʻrigʻi jilovni tagʻin silkidi. Shunda, toʻdaga soldim.

Uloqni bir saman Burnoch bilan baravar olib chiqdim! Saman Burnoch abjirroq boʻldi, yoʻlini burib soldi.

Uloqqa ushlashib bora berdim. Bir mahal qoʻlim sovuqqa qotib, uloqdan chiqib ketdi.

Shunday boʻlsa-da, Joʻra boboning oti Bur¬noch¬dan qolmay chopdi. Uloq bilan oramiz bir qulochcha boʻldi. Ketimizdan otlar chopib keldi. Bunday vaziyatda uloqqa uzalish qaltis boʻladi. Boisi, ketimizdan kelayotgan otlar abjirrogʻi oramizga yorib kiradi, uzalgan qoʻlni sindirib yu¬boradi...

Shu boisdan uloqqa qoʻl uzatmadim. Joʻra boboning otini burib ketdim.

Men endi qizib boshladim. Badanim jimirlab, varaja qildi. Gʻayratim keldi.

Uloqni bir Buyra ot koʻtardi.

Junlari qoʻzichoq junlariday jingala-jingala, koʻzlari olakoʻz-olakoʻz otni koʻrib edingizmi? Oʻlmang! Buyra ot ana shu! Buyra ot olakoʻz boʻladi!

Bu safar Joʻra boboning oti uloqqa jipsroq chopdi. Uloqdan bir qadamcha keyinda. Chil ot sagʻrisi baravar chopdim.

Bunday vaziyatda uloqqa uzalish oʻta, oʻta qal¬tis boʻladi! Boisi, bordi-yu, uloqni yulib olsam, uloq kelib otimning koʻkragiga, undan keyin tizzalariga zabtli kelib uriladi. Oqibat, ot qoqilib yiqiladi!

Bunday uloqni olishning yaxshi yoʻli bor. Oʻzib oʻtayotib, ha-ha, oʻzib oʻtayotib, uloqni yulib olib ketish lozim boʻladi.

Shunday qilmoqchi boʻldim. Uloqni uzalib ushlab, Joʻra boboning otiga qamchi bosdim. Ammo Joʻra boboning oti bizning Tarlondayin olgʻa emas, yoniga burib soldi.

Uloq mening qoʻlimga oʻtdi. Uloqni dast koʻ¬tarib ololmadim. Uloq Joʻra boboning oti koʻkraklariga, undan oʻtib, old oyoqlariga zabtli kelib urildi. Joʻra boboning oti bir munkidi. Endi munkishida oldiga egildi.

Qoʻlimda uloq bilan ot boshidan oshdim...

71

Gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir ovoz eshitdim.

Koʻzimni ochib, osmonrang olamni koʻrdim. Yaxshilab qaradim, koʻrayotganim osmonning oʻzi boʻldi.

Hayron boʻlib, tevaragimga alangladim. Teva¬ragimda Joʻra bobo bilan besh-olti uzangi yoʻldoshlarim turibdi. Oyogʻim tarafda otlar turibdi.

Uzangi yoʻldoshlarim jonlandi.
— Koʻzini ochdi, xayriyat-e, — dedi.
— Oʻziga keldi, betiga yana qor surtinglar.
— Ziyodulla chavandoz, qalay suyaklar yen¬gilmi?

Shundagina nima gapligini bildim. Joyimdan turmoqchi boʻldim. Uloq ushlagan oʻng qoʻlim qimirlamadi. Goʻyo joni yoʻqday boʻldi. Bor kuchim bilan intildim. Oʻng qoʻlim zirillab ogʻridi. Koʻz oldim xira boʻldi. Oppoq qor qop-qorayib qoldi...
— Turaman deyapti, turgʻizinglar.

Oʻzimga kelib, koʻzimni ochdim. Oyoq tara¬fimdagi otliqlardan birovi qatron kalligini bildim. Qatron kal betiga sinchiklabroq qaradim. Kal yuzlarida xushvaqtlik boʻldi, tabassum boʻldi. Kal— kalga kuldi!

Qatron kal tevaragidagilarga qarab gapirdi:
— Men bundan koʻp yillar muqaddam aytganman, koʻpkari eskilik sarqiti, salomatlik dushmani, hayot uchun xavfli deb! Mana isboti! — dedi. — Mana shu otini goʻshtga bermay, men bilan qonunlashgan! — Mana oqibati! Goʻshtga topshirib yuborganida bunday falokat boʻlmas edi! Ana endi mayib-majruh boʻlib qoladi, tamom!
— Yaxshi otdan yiqilsa, yomon ta’nachi boʻladi!

Bu gapni Joʻra bobo aytdi. Bobo bir oʻq bilan ikki quyonni urdi!

Men ogʻzimda qoʻlansa bir nima tuydim. Jagʻlarimni qimirlatdim. Bir nima gʻijirladi. Tilim uchi tishlarim orasiga kirdi. Barmogʻimni ogʻ¬zimga solib koʻrdim. Barmogʻim qon boʻldi. Yonimga yashirib, oʻngirimga artdim. Bildim, ogʻzimdagi qoʻlansa is qon boʻldi. Lunjlarimda gʻijirlab oʻynayotgan tishim boʻldi. Tilim uchi kirib chiqayotgan kavak tishim joyi boʻldi.

Koʻnglimda nimadir bir nima qoʻzgʻoldi. Ku¬chanib-kuchanib, bor vujudimni tarang etdim. Oʻng qoʻlim zir-zir ogʻridi. Chap tirsagimga suyanib qoʻzgʻoldim.

Uzangi yoʻldoshlarim qoʻltigʻimdan oldi.

Bir amallab joyimdan turdim. Boshim aylanib-aylanib ketdi. Koʻz oldim zim-ziyolandi. Tishimni tishimga qoʻyib kuchandim. Tosh boʻldim! Olam yana asliga keldi.

Ogʻzim limmo-lim qon boʻldi. Sagʻal xayolladim, ogʻzimdan otilib ketaman-otilib ketaman, dedi. Qaerga tupurishimni bilmadim. Tevarak oppoq, tupursam, qor qip-qizil boʻladi. Keyin, Qatron kal qonni koʻradi...

Mening koʻzim Qatron kalda, Qatron kal koʻzi menda boʻldi!

Boʻlmadi, boʻlmadi! Ogʻzimdagi qonni tishim bilan qoʻshib, ichimga yutib yubordim! Yana bir yutinib, qolgan qonlarni-da yutdim!

72

Kiprik qoqmay, alp-alp odim otib, Joʻra bobo¬ning oti oldiga bordim. Chap qoʻlim bilan egar qoshidan olib otlandim. Shunda, oʻng qoʻlim yomon ogʻridi...

Jilovni chap qoʻllab ushlab, toʻdaga yurdim. Oʻng qoʻlimni qimirlatmadim.

Ulogʻini berib qoʻygan chavandoz koʻngil soʻradi.
— Qalay, chavandoz, biron yeringiz lat yemadimi? — dedi.

Kulimsirab, sogʻ qoʻlimni siltadim.
— Mijjamga-da kelmadi. Ust-boshimga sagʻal qor ilashdi, — dedim. Hamon angrayib qarab turgan qatron kal, gaplarimni-da angrayib eshitdi!

Zirq, zirq! Uh, qoʻlim-a, qoʻlginam-a!..

Oʻng qoʻlimni avaylab, qoʻynimga soldim. Bir oz orom oldim.

Uloq koʻtarildi. Toʻda ketidan chopdim. Beix¬tiyor qoʻlimni qoʻynimdan oldim.

Zirq, zirq! Uh!..

Uloq kimda ketdi, bilmadim. Otlar ketidan shunchaki chopib bordim.

Qoʻlimni yana qoʻynimga soldim. Joʻra boboning otini uloqqa niqtadim. Toʻriq zor boʻlib turgan ekan shekilli, toʻdani yorib kirdi-qoʻydi! Ich-ichimdan zil ketdim! Endi uloqni qanday koʻtaraman?

Nima qilishimni bilmay, gangib qoldim, Bo¬vujud, bir Saman yoʻlimizni yopib oldi. Joʻra boboning oti uloqqa borolmay qoldi.

Shundagina koʻnglim tinchidi. Yengil nafas oldim. Samanga qarab, boringga shukur-e, dedim.

Zirq, zirq!..

Boshqa vaqtlari ana shunday qarab tursam, uloq men tarafga kelmaydi. Kelib-kelib, uloqli ayni shunday vaqtda menga qarab yursa boʻladimi! Men uloqqa zormidim, dardim uloqmidi...

Ana, uloq keldi! Barcha qarab turibdi. Ayniqsa qatron kal!

Men tishimni tishimga qoʻydim. Ogʻriq qoʻlimni uloqqa uzatdim. Bor kuchim bilan butidan changallab ushlagan boʻldim. Aslida, barmoqlarimni uloq junlariga shunchaki tegizib turdim!

Zirq, zirq!..

Goʻyo uloqni olib ketmoqchiday boʻldim. Joʻra boboning otiga ayqirib qamchi bosdim.
— Ha, jonivor-a! — dedim.

Joʻra boboning oti uloqdan keyinda qolib ketdi.

Men xoʻjakoʻrsinga bosh irgʻadim! Qamchili qoʻlimni alamli siltadim. Goʻyo, hay, attang-a, omad kulib boqmadi, dedim. Omaddan noligan boʻldim.

Zirq, zirq!..

Xayriyat, xayriyat-e, koʻpkari sob boʻldi!

73

Oʻzimizning Tarlonni minib, uyga keldim.
— Chopib borib, doʻxtirni aytib kelinglar! — dedim. Xudoyqul doʻxtir bir quticha koʻtarib keldi. Ogʻriq qoʻlim yengini silkib tortdi.

Men ingrab yubordim!

Zirq, zirq!..

Yengim hadeganda sugʻirila bermadi. Shunda, Xudoyqul doʻxtirga pichogʻimni olib uzatdim.

Doʻxtir yengimni pichoq solib ayirdi.

Tirsagim yoʻgʻonligi sogʻ tirsagimdan uchov keldi! Tirsagim tirsillagan shish boʻldi!

Xudoyqul doʻxtir bosh chayqab-bosh chayqab, meni mashinasiga soldi. «Xazorbogʻ» sovxozi bemorxonasiga olib bordi.

Doʻxtirlar shishgan qoʻlimni bir apparat ostiga qoʻyib koʻrdi.
— Koʻp qoʻrqmang, tirsakdan chiqibdi, xo¬los, — dedi.

Qoʻrqarmidim-e, qoʻrqarmidim! Qoʻlim chiq¬qanini otdan yiqiliboq bilib edim!

Birodarlar, ogʻzing qora qon boʻlsa-da, gʻanim¬ning oldida tupurma!

74

Shu yotishimda yigirma kundan koʻp yotdim.

Nihoyat, doʻxtirlar gipsni oldi, uyga javob berdi.

Koʻngil soʻrab keluvchilarga qoʻlimni yalan¬gʻochlab koʻrsatdim. Hasan bobo qoʻlimni aylantirib koʻrdi.
— Eb-ey, qiyshiq-ku! — dedi Hasan bobo.

E’tibor berib qaradim, qoʻlim chindan-da tirsa¬gimdan qiyshiq boʻldi.
— Qurbon tabibga bor, nima gapligini aytadi, — dedi Hasan bobo. Ertalab Tarlonni mindim. Qoraxonga yoʻl oldim.

75

Bir vaqtlari Qoraxonda Xidir degich boʻldi. Odamlar uni Xidir mirob, dedi. Oʻzi, miroblik qilardi-da!

Ana shu Xidir mirob chiqqan suyaklarni joyiga soldi, singan suyaklarni davoladi.

Shu odam ketdi! Qayoqqa? Qayoqqa boʻlardi, qiyomatga-da!

Shunday odam-da ketdi-ya! Hech ishongim kelmaydi! Men, bunday odamlar dunyo turguncha turadi, deb oʻyladim. Keyin-keyin bilsam, birov-da bu dunyoga ustun boʻlolmas edi...

Shu odamdan Qurbonnazar degan oʻgʻil qoldi. Qurbonnazar otasining qoʻlini olib qoldi. Otasi ogʻziga tupurgan boʻlsa ajab emas!

Oʻzi, rais! Lekin men raisman, demaydi! Kattaga-da bir, kichikka-da bir!

Shu odamning darvozasini qamchi dastasi bilan taq-taq urdim. Ichkaridan bir zaifa chiqdi.
— U kishi ishdalar. Kirib oʻtirib turing, hamzamat kelib qoladilar, — dedi zaifa.

Qurbonnazar mehmonxonasiga salom berib kirdim.

Zaifa dasturxon yozib ketdi.

Choyni oʻzim quyib, oʻzim ichib oʻtirdim.

Qurbonnazar ukamiz keldi.

Quchoqlashib koʻrishdim. Taomlardan keyin dardimni aytdim.

Qurbonnazar dasturxon chetini qayirib qoʻydi. Oldimga siljib keldi.
— Qani, yeching qani, — dedi.

Qoʻlimni yalangʻochlab tutdim. Qurbonnazar qoʻlimni aylantirib koʻrdi, uyoq-buyogʻini koʻrdi. Yelkamdan barmoqlarim uchigacha siladi. Boʻgʻin¬larim qoʻshilish yerida sabr qildi. Ayniqsa, tirsa¬gimda koʻp sabr qildi. Koʻzlarini yumib turdi.

Xayolimda, Qurbonnazar tirsagimdan bir nimalarni eshitdi. Oʻzicha bosh irgʻadi. Yana eshitdi. Koʻzlarini yumib eshitdi.

Hayron boʻlib qoldim. Avvalambor, tirsagim nagʻma chalayotgan radio emas, televizor-da emas! Bor-yoʻgʻi et bilan suyak! Yana aytsam, eshitgan odam qulogʻi bilan eshitadi-da! Nima, qoʻli bilan eshitadimi?

Lekin bu gaplarni Qurbonnazarga aytmadim. Ichimda aytdim. Qani, nima deyar ekan, deb sabr qildim.
— Bekor ovora boʻlibsiz-da. Sagʻal lat yegan ekan, yaxshi boʻp ketibdi. Doʻxtirlarning gipsi tuzatibdi, — dedi Qurbonnazar.
— Men sizga aytsam, kelmas edim, Hasan bobo qoʻymadi, bor-chi bor, deb.
— Ha, mayli, Kelganingiz yaxshi boʻpti. Shu bahona bir mehmon boʻp ketasiz. Qani, yoting, bir muolaja qilib qoʻyayin. Yana qaytib lat yemaydigan boʻladi.

Men koʻrpachaga choʻzildim, yostiqqa bosh qoʻydim. Qurbonnazarga qoʻlimni berib, shipga qarab yotdim.

Qurbonnazar barmoqlarim uchidan boshlab uqaladi.
— Koʻzingizni yuming, yaxshi boʻladi, — dedi Qurbonnazar. — Ha, ana shunday! Endi, pinakka keting! Goʻyo, uxlayotgan boʻling. Qoʻlingiz pishiq suyakli ekan. Ilgarilariyam otdan yiqilib, lat yeganmisiz?
— Yoʻq, — dedim.
— Nimaga kelib-kelib, endi shunday boʻldi?
— Ot oʻzimniki emas edi. Joʻra boboning oti menga tushunmadi, men otga tushunmadim. Oqibati mana shunday boʻldi.
— Ha-a, oʻzingizning otingiz qaerda edi?
— Bizning Tarlonga suv tushib edi.
— Otga suv tushishini-ku, bilaman. Ot oyogʻiga yem tushdi, degani nima degani?
— Ot oyogʻiga yem tushsa, oyogʻi qotib qoladi. Paylari dirillab-dirillab uchadi.
— Ha-a, har ikkovidayam koʻpkariga chopib boʻlmaydi-ya?
— Esa-chi.
— Qora ot yaxshi boʻladimi, yomon boʻladimi?
— Yomon boʻladi. Qora ot oʻjar, serjahl boʻladi.
— Ha-a. Seton-Tompson ham shunday yozgan. Demak, chin ekan-da.
— U chavandoz qaerdan?
— U chavandoz emas, kanadalik yozuvchi. Oʻzining «Yovvoyi yoʻrgʻa» degan kitobida shunday yozgan.
— Kim boʻlsa-da, otni bilar ekan.
— Ot xomlab qoldi, deydi, u nima degani?
— Unda, ot moy tashlaydi. Keyin, koʻpkariga yaramay qoladi. Boqilgan otni bilib-bilmay chopib qoʻysangiz, ot ichida moy toʻlib qoladi. Bunday otni-da bir yilgacha koʻpkarida chopib boʻlmaydi.
— Ha-a, Ot odamni bosmaydi, nimaga shunday?
— Boisi, ot odamzotni ulugʻlaydi. Odamzotga vafo qiladi. Hayvonlar ichida ot bilan it shunday. Pishakni-da shunday deyishadi. Men bu gapga qoʻshilmayman. Pishak suyuqoyoq ayolday gap. Kim qornini toʻygʻazsa boʻldi, pish-pish, deya boshini silasa boʻldi, ketidan ergashib keta beradi. Eshik egasini tanimaydi, pishak bekasini tanimaydi. Keyin ot joyida taqqa toʻxtay oladi. Eng yaxshi mashina qaysi mashina? Oʻlmang! Ot tormozi, ana shu «Chayka» tormozidan-da yaxshi ishlaydi. Oldida odam borligini koʻrdimi, boʻldi, taqqa toʻxtaydi. Bordi-yu, dovdirab qolsa, odam ustidan oshib oʻtadi.
— Ha-a. Aytishlaricha, ayol boqqan ot yaxshi boʻlar emish. Shu chinmi?
— Esa-chi. Boisi, ot sagʻali kam odamday boʻladi. Qonida pichagina devning qoni bor, xolos. Otga yem bergani borsak, u hamisha bizga suy¬kanadi, erkalik qilgisi keladi. Bizni iskaydi, dumi bilan yelkamizga uradi. Shunda biz uni tek oʻtir-e, sabil qolgur, deb qamchilaymiz. Bu qiligʻimiz otga malol keladi. Ayol bizga nozlanib suykalasa, shunda uni jerkib tashlasak, ayolga qanday malol keladi? Ot ham shunday-da! Ot koʻngli ayol koʻngliday nozik boʻladi. Ayollar boʻlsa, otni urmaydi, otning erkasini koʻtaradi. Ayolning muloyim tabiati otga xush kelib qoladi. Ayol boqqan otning yaxshi boʻlishiga yana bir sabab, ayol hamisha uyda boʻladi. Ayol ichkari kiradi, tashqari chiqadi. Otning koʻzi ertadan kechgacha ayolga tushib turadi. Ayol ot kishnaganda darrov yemini beradi, suvini beradi. Biz erkaklarning boʻlsa, uyda borligimizdan, uyda yoʻqligimiz koʻp boʻladi. A-a-ay, oʻldim-e!...

Tirsagimda bir nima qirs etdi. Vujudim qizidi, peshonamdan ter chiqdi. Qurbonnazarga qaradim. Qurbonnazar kulimsib turibdi.
— Ana endi qoʻlingiz yaxshi boʻldi, — dedi Qurbonnazar.

Ana shundagina Qurbonnazar meni joʻrttaga gapga solib, meni gap bilan alahsitganini bildim.

Meni, aldab-avraganini bildim...

Xiyla yotdim. Ogʻriq tindi. Shundan keyin jo¬yimdan turdim.

Qurbonnazar qoʻlimni ipga solib, boʻynimga osib qoʻydi. Dori-da ichirmadi, igna-da suqmadi, rasmga-da turishmadi.
— Vrachlar qoʻlingiz chiqqanini koʻrib-bilib gipsga solgan, — dedi. — Vrachlar hamisha shunday qiladi. Kitoblarida shunday yozilgan-da. Agar kelmaganingizda qoʻlingiz hadeb qoʻzgʻala berib-qoʻzgʻala berib, oʻynama boʻlib qolardi. Endi butunlay bitib, asliday boʻladi. Oz-ozdan moʻmiyo tanovul qilib turing, suyakka madad boʻladi...

Oqshom qoʻnguncha gurunglashib oʻtirdim.

Keyin, otlanib qaytdim. Qaytayotganimda Qurbonnazar bot-bot tayinlandi:
— Tagʻin, qoʻlingizni solganimni birovga aytib yurmang. Yaxshi bor, yomon bor... — dedi.

Uyga borgunimcha oʻylab bordim. Ay, doʻxtirlar-e, nimaga qoʻlim chiqqanini koʻra-bila turib gipsga solding? Koʻra-bila turib qotirib tashlading? Bilasan, chiqqan suyak joyiga tushmasa, hadeb qoʻzgʻala beradi! Odamni yarimjon qilib qoʻyadi! Umr boʻyi qiynadi! Bilmasang, Qurbonnazardan soʻrab bil! Yo Qurbonnazar tabibga bor, de! Chopib kela beraman!

Bovujud, Qurbonnzarlar bor... Hali-hali Qurbonnazar bor, keyin-keyin nima qilamiz?

76

Birodarlar, uchastka militsionerimiz odam boʻlib qoldi!

Ha, odam boʻlib muomala qildi, odam boʻlib gapirdi.
— Qanday, jiyanlar katta boʻlayaptimi, suyaklar yengilmi, aka?... — dedi.
— Shukur, shukur, — dedim.
— Ikki marta kelib ketdim...
— Ayolimiz aytdi, yoʻqladi, dedi.
— Chavandozchilikda shunday-shunday boʻladi-da, aka. Odamlar samolyotdan tushib ketayapti. Siz yiqilsangiz, otdan yiqilibsiz-da.
— Shunday, shunday...
— Qalay, endi tuzuk boʻp ketdingizmi, aka?
— Shukur, shukur?
— Unda, rayondan bir xabar oling, aka. Ka¬pitan koʻp soʻradi, aka.
— Maylingiz, inim, maylingiz.

Endi, bir dushman koʻzi qilayin, dedim. Qoʻlimdan ipni olib tashladim. Qoʻlimni qoʻynimga solib oldim.

Otlanib, rayon bordim.

Kapitan katta eshigidan ichkariladim. Ichkarida oʻsha beqasam choponlik odamni koʻrdim. Bechora, yuzlari yarasi hali-da bitmabdi, bechora...

Beqasam choponlik meni tanimadi. Kapitan katta tanitdirdi.

Shunda, beqasam choponlik meni bot-bot bagʻriga bosdi. Kipriklari nam boʻldi...

Biqinma-biqin oʻtirib dardlashdim. Zot-boborakotini, mazgilini soʻradim. Beqasam chopon- lik «Navoiy» kolxozidan boʻldi, oti Rahmon boʻldi.

Rahmonboyning koʻngli buzildi. Ovozi qaltirab chiqdi:
— Oʻla-oʻlgunimcha sizga qulluq qilib oʻtaman, mana koʻrasiz, — dedi.
— Unday demang-e, nima karomat koʻrsatdimkin, menga qulluq qilasiz, — dedim.

Kapitan katta ishlarini aytib bordi. Ishlar deyarli hal boʻlibdi. Bezorilarni ushlab, Rahmon¬boyga yuzma-yuz qilibdi. Rahmonboy shular edi, debdi. Lekin bezorilar tonibdi, aybini boʻyniga olmabdi.

Gap menda qolibdi.
— Hozir olib keladi, — dedi kapitan katta.

Aytganiday, bir millitsioner boʻzbolalarni haydab keldi. Birovi oʻtirmoqchi boʻldi.

Kapitan katta:
— Tur, tur deyman! — deb baqirib berdi.

Boʻzbola qoʻllarini qovushtirib qotib qoldi.
— Manavi odamni taniysizmi?! — dedi kapitan katta.

Boʻzbolalar men tarafga sigir qarash qildi.
— Tanimaymiz, — dedi.

Kapitan katta menga yuzlandi.
— Shularmi? — dedi.
— Shular, ha, shular, — dedim.
— Olib keting bularni! — dedi kapitan katta.

Militsioner boʻzbolalarni haydab ketdi.

Kapitan katta menga javob berib yubordi.
— Xoʻsh, sizga katta rahmat, aka. Tergov tugagach, deloni sudga oshiramiz. Sud kuni bordi-yu chaqirsalar, bir kelib keting.
— Men sizga aytsam, kapitan katta, shuncha kun mazam boʻlmadi. Sherigim mening navbatimda-da qoʻy boqdi. Odamning yuzi chida¬mayapti...
— Xoʻsh, tushunaman, aka, tushunaman. Siz sudda boʻlmasangiz ham boʻladi. Lekin anavi tirriqlar koʻp ishlarni boʻyniga olmasligi mumkin. Ish yana lanj boʻladi. Siz sudda savol tugʻilganda ha yo yoʻq, deb tursangiz boʻldi. Sizdan boshqa jonli guvoh yoʻq. Mana shu birodaringiz uchun yana bir kelasiz, endi.

Birodarlar, kapitan katta jon joyimdan ushladi! Bilibmi, bilmaymi, ishqilib, birodaringiz uchun, dedi! Shu gap koʻnglimni oldi! Rahmonboy birodarimizni deb, yoʻq demadim.

Rahmonboy birodarimiz meni uyiga yetakladi.
— Mazam yoʻqroq, boshqa vaqt borarman, birodar, — dedim.
— Unda, biror kun oʻzim uyingizga boraman, toʻn yopishib ogʻa-ini boʻlamiz, — dedi.
— Shunday-da ogʻa-ini, birodarmiz, — dedim.

77

Militsiya mashinasi eshigimizga kelganini el bildi.

Birodarlar, elning qulogʻi ellikta!

El ajablandi, el hadiksiradi...

Duv-duv gap boʻldi...

Birodarlar, yomon gap, raketadan oldin yuradi, yaxshi gap, toshbaqadan keyin yuradi!

Xufton vaqti-xufton vaqti uzangi yoʻldoshlarim bilan hamsoyamiz Rixsiev koʻngil soʻrab keldi.

Ayolimiz dasturxon yozdi.

Boʻlgʻusi bojamiz Odina chavandoz ayolimizdan nam tortib, yerga qarab oʻtirdi.

Uzangi yoʻldoshlarim gapni nimadan boshlashini bilmadi. Istihola qildi.

Shunda, Rixsiev gapni indallosidan boshladi:
— Sizni militsiya mashinasi uyingizdan olib ketibdimi, oʻrtoq Qurbonov? — dedi.
— Bekor gap-e! — dedim.
— Ana, hamma shunday deyapti-yu?
— Olib ketgan yoʻq, aytib ketdi. Men avtobusda bordim, — dedim.

Farosat etsam, el ogʻzida koʻp gap boʻlibman. Elga bir gap tegmasin. Chibinday gapni tuyaday qilib gapiradi. El ogʻziga elak tutib boʻlmaydi. Endi bor gapni aytayin...

Aytib-aytib berdim. Bir gapni-da qoldirmadim!

Uzangi yoʻldoshlarim dildoʻz soʻzlar aytdi, dildoʻz gaplar aytdi.
— Xoʻp juvonmardlik boʻpti-da! — dedi.

Rixsiev bolishdan tirsagini oldi. Chavan¬doz¬larga sigirqarash qildi.
— Katalizatorlar! — dedi. — Bu, sargardon- lik-ku, sargardonlik!
— Sargardonligi boʻptimi, shu bahona Tarlon ikkovimiz shaharni sayil qilib kelayapmiz, — dedim.
— Aha, u falsafangizni boshqalarga oʻqing, oʻrtoq Qurbonov. Sayil emish! Bunday ishlar turgan-bitgani gʻalva, sargardonlik!
— Sayil-da — sayil, sargardonlik-da — sayil.
— Siz endi koʻrayotgandirsiz-da? Aha, men shaharda yashayotganimda bunday ishlarning bir nechtasiga duch kelganman. Sizdan yaxshi bilaman, oqibati nima boʻlishini! Bir dam olishda bizni paxtaga olib bordi. Oʻzingiz bilasiz, bir kunlikka borgan hasharchilar paxta termaydi. Ichib, kayf-safo qilib qaytib keladi. Men ham tagimga qoʻyish uchun ikki kilocha paxta terib, etagimdagi paxtaga yonboshladim, mudrab yotdim. Shunday pastimdan bir daryo loyqa suv oqayapti. Shunda, daryo boʻyida ikki-uchta qora koʻrindi. Koʻzimni kattaroq ochib qaradim. Bizning hasharchilar emas, shu yerning yigitlariga oʻxshadi. Oʻzlaricha bir-birlarini turtkiladi. Hazillashayapti, deb oʻyla¬dim. Aslida urishayapti ekan. Ikkitasi bittasini oʻrtaga olib urdi. Tayoq yeyayotgani yoqalab qochdi. Daryo ustidan bir ingichkagina truba oʻtar edi, shu trubadan qochdi. Truba oʻrtalarida muvozanatini yoʻqotdi. Goh oʻng, goh chap qoʻlini koʻtarib-koʻtarib, suvga tushib ketdi. Boshqalari qochdi. Bola suv yuzida goh koʻrinib, goh yoʻqolib oqdi. Boshi koʻringanda dodlab baqirdi.
— Siz koʻrib turdingizmi? — dedim.
— Boʻlmasam-chi! Shunday oyogʻim ostidan oqib oʻtdi! Suzishni bilmas ekan-da, boʻlmasa, suv sekin edi, bemalol suzib chiqsa boʻlardi. A? Yoʻq, pastroqda bir operator yigitimiz ovozini eshitib qolib, oʻzini suvga tashladi. Sudrab olib chiqib, oyogʻini osmonga koʻtardi. Baribir kech boʻldi, bola oʻlib qoldi... Ishonsizmi, shu operator yi¬gitimiz bir oydan ortiq organga qatnab, soʻroq berdi! Ona suti ogʻziga keldi! Koʻr boʻl, dedim, oʻzini bilmaganning kuni — shunday boʻladi, dedim. Dunyo shunday, oʻrtoq Qurbonov, oʻzi¬ngizni biling, oʻzgalarni qoʻying!
— Ha-e, taqdir peshona ekan-da. Olamda nima gap?
— Olamda gap koʻp, oʻrtoq Qurbonov. Xalqaro vaziyat tobora keskinlashib borayapti. Tinchlik xavf ostida...
— Kim xavf solayapti?
— AQSh imperalistlari! Buni xalqaro panogramada oʻrtoq Zorin ham aytib oʻtdi. Aha, «Za rebejom»da ham yozibdi. Mana, faktlarga murojaat qila¬miz. AQSh ma’muriyati 1983-yilda 810 million dollar miqdorida ximiya-bakteriologiya quroli ishlab chiqarishni planlashtiribdi.
— U qanday miltiq?
— Aha, miltiq emas, zaharli ingredient.
— Oʻzimizning dehqonchasiga gapiring. Biz bir iyigʻi chiqqan kal boʻlsak, unday gaplarni qaerdan bilamiz.
— Aha, ingredient bu, ikki xil suyuq moddadan tashkil topgan zaharli dori. Miyani shol qilib tashlaydi. Aha, oʻn-oʻn besh daqiqa ichida vafot etasiz!
— Shuni inson oʻylab topdimi? Odamzotni qirish uchunmi? Yo, tabba! Biznikilar nima de¬yapti?
— Aha, bizning hukumatimiz tinchlik posboni boʻlib keldi, bundan keyin ham shunday boʻlib qo¬ladi!

78

Uzangi yoʻldoshlarim uy-uyiga ketdi.

Ayolimiz dasturxon yigʻishtirdi.

Kenjamizni qoʻlimga berdi.
— Manavini picha ushlab tursin, qozon-tobogʻimni yuvib olayin, — dedi. Kenjamizni tizzamga oldim.

Kenjamiz dasturxon olib ketayotgan onasiga jimit qoʻllarini choʻzib ingilladi.
— Ing-ing-ing!... — dedi.
— Boʻldi, enang hozir keladi! — dedim. — Hay, anavi suratdagi kim? Aka-ya? Aka de, aka!

Kenjamiz ovunmadi. Ingillay berdi.

Shunda kenjamizni tizzamda tebratib suydim:

Kelgin, bolam, tizzamga,

Yol boʻlarsan oʻzimga,

Quloq solgin soʻzimga,

Huyyo, bolam, huyyo!..

Birodarlar, kuygan — oʻlanchi boʻladi, suygan— laparchi boʻladi?

Oʻz-oʻzimdan kuyib-kuyib, ich-ichimdan kuyib-kuyib, kenjamizni suyib-suyib, oʻlanimni aytib qoʻya berdim:

Jonim bolam ot chopsin,

Otiga baxmal yopsin,

Huyyo solsin otasi,

Orqasidan yol topsin,

Huyyo, bolam, huyyo!..
— Ay, enasi-ya, kel, ulimga mamma ber! Ulim mammasirab qopti. Ana, aytdim, enang keladi, mamma beradi!

Bolam, sen ham botirim,

Chopib kelayotirim,

Choʻpon boʻlsang qoʻylarga,

Boqarsan oʻtloq, soylarga,

Huyyo, bolam, huyyo!..
— Boʻldi-e, enagʻar! Ogʻzim bor deb ingillay berasanmi! Ogʻiz bir senda bormi? Mana, bizda-da bor! Nimaga biz ingillamaymiz? Izzatingni bil-da! Yo, otiga baxmal yopsin, qoʻylarini boqsin, dega¬¬- n¬imga oʻzingdan ketayapsanmi? Qani oʻsha ot¬laring, qoʻylaring? Hovlidagilarni aytayapsanmi? Eb-ey, eb-ey, ular sening bovangdan qoldimi? Ular mening otamdan qoldi! Ular meniki, bildingmi?

Huyyo-huyyo, huyyo qani?

Bovang bergan tuyang qani?

Bovang bergan tuyang boʻlsa

Boqib yurganlaring qani?

Boqib yurgan tuyang boʻlsa

Adir ham choʻllaring qani?
— Ana boʻlmasa, ukkagʻarning kenjasi! Mard boʻlsang javob ber, ukkagʻarning kenjasi! Ana, sa¬sing chiqmay qoldi-ku! Ingillaysan-a, ingillaysan! Ha? Ha-ha-ha! Shoʻxlashdim, ukkagʻarning kenjasi, shoʻxlashdim! Shoʻxlashishni-da bilmaysanmi. Ulim, manavi uylar-da, qoʻtondagi qoʻylar-da, osmondagi oylar-da, koʻpchib yotgan yerlar-da, bari-bari seniki! Bor-e, Tarlonni-da berdim, bor-e! Ol-e, ukkagʻarning kenjasi-e, ol-e!..

Huyyo qilay huydad

Oting solgin toʻdaga

Huyyo qilsam uxlagin

Otang sendan sadagʻa

Huyyo, bolam, huyyo-i-i-i!..
— Ulim, bir nima esingda boʻlsin. Gagarinday boshing osmonga yetsa-da, olim boʻlib yetti iqlimni soʻrasang-da, sen avvalambor Ziyodulla chavandozning uli boʻl! Mening ulim boʻl! Menday boʻl, menday! Menday boʻlasan-a, menday boʻlasan-a?..

79

Suddan qogʻoz keldi.

Oyogʻim tagʻin uzangida boʻldi, organ yoʻlida boʻldi.

Bora-borgunimcha Yaratganning oʻziga sigʻinib bordim. Shu yurishimni boʻldi qil endi, meni bunchalar jonhalak qilma endi, deb bordim.

Sudda odam serob boʻldi.

Bir tarafda urgan boʻzbolalar, bir tarafda Rahmon birodarimiz oʻtidi.

Kattalar yuqorida boʻldi.

Boʻldi soʻroq, boʻldi javob!

Urgan boʻzbolalar aybini boʻyniga olmadi. Bir-birlariga toʻnkab turib oldi.

Shunda, yuqorida oʻtirgan kattalar mendan soʻradi. Da’volarini mendan ma’qullatib oldi. Men asqotib turdim.

Bir katta Rahmon birodarimizni soʻroqqa tutdi:
— Ayting-chi, nega voyaga yetmagan bolani urdingiz? — dedi.
— Urganim yoʻq, kalla qildim, — dedi Rahmon birodarimiz.
— Baribir, urgan hisoblanadi. Yuzida jarohat bor. Pulingizni oʻgʻirlagan ekan, yana tagʻin ushlab olibsiz ekan, militsiyaga topshirish kerak edi!
— Kuchim yetmadi.
— Urishga yetgan kuchingiz, militsiyaga yetaklab borishga yetmadimi?
— Uch birday yigitga qanday qilib kuchim yetadi?
— Unda militsiyaga telefon qiling edi. Yoki, odamlrani yordamga chaqiring edi. Ana, koʻcha toʻla odam!
— Odam? Qanday odam? Qani odam...

Rahmon birodarimiz gapirolmadi. Dimogʻi toʻlib keldi. Ovozi ichiga tushib ketdi. Yengi bilan koʻzlarini artib-artib oldi.
— Bir soat tanaffus! — dedi kattalar.

Oʻtirib-oʻtirib, qornim ochqadi. Choyxonaga qarab yurdim.

Men choy ichib qayta berdim, odamlar suddan chiqib kela berdi.

Demak, sud sob boʻpti, endi sud oqibatini soʻrayin, dedim. Rahmon birodarimizni qidir-dim.

Shunda, bir toʻda momolar bilan ayollarga roʻpara keldim. Momolar sel-sebor yigʻladi. Pe¬shonalariga urib-urib yigʻladi. Tizzalariga mushtlab-mushtlab yigʻladi...

Bildim, bular ana shu boʻzbolalar momosi boʻldi, ana shu boʻzbolalar onasi boʻldi.

Men ana shu koʻz yoshlar oqishi uchun oʻzimni aybdor deb bildim. Yoshlar toʻla koʻzlarga, yoshlarga belangan yuzlarga qarab turolmadim...

Birodarlar, barmogʻimning qaysi birini tishlasam-da ogʻriydi!

Ohista-ohista ketimga qayrildim.

Tarlonimiz oldiga bordim. Otlanib, qishloqqa qaytdim. «8-Mart» kolxozidan oʻtib, Hayrondaraga doxil boʻldim.

Tevarak mayda-mayda adirlar boʻldi. Argʻam¬chiday yoʻl bir yuqoriladi, bir adoqladi.

80

Oqshom vaqti boʻldi.

Olamga-da oqshom qoʻndi, koʻnglimga-da oqshom qoʻndi. Koʻnglim oqshomday mahzun boʻldi.

Beixtiyor ketimga qayrilib qaradim. Bir qizil mashinani koʻrdim. E’tibor bermadim.

Adirga oʻrladim. Adir qoq ustida tagʻin ketimga qayrilib qaradim. Mashina qorama-qora keldi.

Adirdan enib boshladim. Adir tikkaligidan Tarlon oʻzini ketiga tashlab-tashlab yurdi. Old oyoqlarini ogʻir-ogʻir bosdi.

Adir adogʻiga tushdim. Mashina adir ustida imillab qoldi. Hayron boʻldim. Mashina degani tez yurar boʻlardi, bu mashina xiyladan buyon bir otdan oʻtolmaydi. Yo, biron yeri nosozmikin?

Yoʻlni kesib oʻtadigan ariqqa keldim. Ariqdan loyqa suv oqibdi. Ichi qip-qizil loy boʻlibdi. Loy ot tizzasiga keladi.

Shu bois, Tarlonni ariqqa solmadim. Ariqdan hatlattirmoqchi boʻldim. Ammo bu niyatimdan-da qaytdim. Vaji, ariq yoqalari-da loy. Tarlon toyib ketadi.

Ariq yoqalab, yuqoriladim. Sayozroq yer qi¬dirdim.

Mashina-da quyiga endi. Ariq boʻyida oyoq ildi. Oʻtolmasligini bildi shekilli, bizning izimizdan yurdi.

Bizning Tarlon torroq bir yerdan choʻchib oʻtdi.

Mashina Tarlon hatlagan yerda oyoq ildi.

Mashinadagilarga qamchi sopi bilan yuqorini koʻrsatdim.
— Yana sagʻal yursalaring yuqorida yoyilma bor! Oʻshandan mashina oʻtadi!

Shunday deya yoʻlimga burildim.

Shunda, ketimdan ovoz keldi:
— U, shef! Tormoz!

Ovozni tanimadim. Nima deyapti, tushunmadim. Kim boʻlsa-da, bir inson ovoz berayapti, borayin, dedim. Ariq yoqalab bordim.

Mashinadan toʻrt odam tushdi. Ikkovi olisroqdan chopib kelib, ariqdan hatlab oʻtdi.

Tarlon hurkib, keyiniga tisarildi.

Keyin, qolgan ikkovi-da keldi. Barining koʻzida qora koʻzoynagi boʻldi. Koʻzlari koʻrinmadi. Sochlari yelkasiga tushdi, quloqlari sochi ostida boʻldi. Kiyimlari ajabtovur boʻldi. Birovning soqo¬lida boʻldi. Oʻzimizday oʻrta yoshli odammikin, deya sinchiklab qaradim. Yoʻq, u oʻttizlarda boʻldi.
— Chaqirganday boʻldilaringizmi, birodarlar?— dedim.

Ular miq etmadi. Soqoldori oldin yurdi.
— Otdan tushing-chi, shef! — dedi.
— Ayta beringlar, qulogʻim kar emas, — dedim.
— Tush degandan keyin, tush!

Ularning sensirashi koʻnglimga tegdi. Tusha-tusha, koʻnglimni aytdim.
— Sensiramang, birodar, salkam otingiz qatoriman-a, — dedim.
— He, senday otam qatorining...

Qoʻlimda jilov, serrayib qoldim. Qahrim keldim. Qamchi sopini mahkam ushladim.
— Otingni bogʻlab, buyoqqa yur!
— Nima gapingiz bor, birodar, shu yerda ayta bering.
— Yur, degandan keyin, yur!

Ular ariq yoqalab yuqoriladi. Birovi-da koʻzoynagini olmadi.

81

Jilovni egar qoshiga qistirdim.

Tarlonni boʻsh qoldirdim.

Keyin, ular oldiga bordim.
— Oʻzi kimsizlar? Kimning bolasi boʻlasizlar? Oʻzlaringni tanitinglar-da axir, birodarlar, — dedim.

Ular meni oʻrab oldi. Goʻyo yovvoyi odamni tomosha qilayotganday boʻldi. Birovi oʻz-oʻzidan toʻngʻiladi. Hali tanishib qoʻyamiz! — dedi.

Tavba, bularning menda nima ishi bor ekan? Ertaroq aytmaydimi, kech boʻlayapti...
— Ay, birodarlar, zaril gaplaring boʻlsa ayting¬lar. Boʻlmasa ketayin, bola-baqra alagʻda boʻladi,— dedim.
— Ketasan, ketasan, shoshilma. Qaytmaydigan boʻlib ketasan...

Zardam qaynadi, ketimga burildim.

Shunda, ulardan birovi yoʻlimga gʻov boʻldi. Birovi chapimga oʻtdi. Ikkovi oraligʻidan oʻtib ketmoqchi boʻldim.

Shunda, oʻngimdagisi yelkamdan gʻijimlab ushlab oldi.

Men qoʻlini shartillatib urib tashladim.
— Qoʻlingizni oling, birodar! — dedim.

Shunda, u iyagim ostiga oʻxshatib-da bir urdi!

Ketimga gandiraklab-gandiraklab borib oʻtirib qoldim. Nogiron qoʻlim zirqirab ogʻridi.

Qamchi oʻrimini qoʻlimg oʻrab-oʻrab joyimdan qoʻzgʻoldim. Shu urganning boʻyin tomirini moʻl qulochkashladim.

Ketimdagisi qamchini ushlab qoldi.

Yana oʻtirib qoldim. Endi qamchini ushlab qolganiga qarab, qoʻzgʻoldim.

Shunda birovi ketimdan keldi, belimga tepdi.

Men yuztuban yiqildim. Nogiron qoʻlim zirqirab-zirqirab ogʻridi.

Turib oʻtirdim. Tevarakka alangladim. Rayon oʻng yogʻimdagi adir ortida boʻldi. Koʻrinmadi. Qishloq chap yogʻimdagi adir ortida boʻldi. Qishloq-da koʻrinmadi. Osmon boshimda boʻldi. Baribir olisda boʻldi.

Xoʻrligim keldi: ay, yolgʻizligi qursin-a!

Koʻnglim buzildi: ay, nogironligi qursin-a!

Oʻpkam toʻlib keldi. Qoʻynimdagi nogiron qoʻlimni tashqari chiqardim.
— Birodarlar, Joʻra boboning otidan yiqilib, qoʻlim chiqib edi, mana... mana... — dedim.

Ular xoxolab-xoxolab kuldi. Oʻzaro gapirishdi:
— Bu oʻzi unga kim boʻladi?
— Hech kim!
— Hech kim? Yoʻgʻ-e?
— Demak, bu oʻzicha ritsarlik qilmoqchi boʻlibdi-da?
— O, ritsar! XX asr ritsari!
— Don Kixot!
— Don Kixot! XX asr Don Kixoti!

Men shundagina ular kimligini bildim. Qoʻlim nogironligini aytib, yigʻlamsiraganlarimga ming-ming pushaymon boʻldim...

Yerga qaradim. Qoʻlimni qoʻynimga solmadim. Sogʻlom qoʻlimdayin yerga tiradim.

Nogiron qoʻlim zirqillab ogʻridi. Tishimni tishimga bosdim. Yuzlarim lovullab yondi...

Bir balo qilib, joyimdan turdim. Oyoqlarida tik turdim.

Shunda birovi jagʻimga urdi.

Men ketimga tisarilib-tisarilib, bunisiga borib urildim.

Bunisi yelkamdan suyab qolib, harommagʻizimga urdi.

Gandiraklab-gandiraklab, unisiga bordim.

Unisidan iyagimga yedim.

Bir aylanib tushdim. Osmon gir-gir aylandi. Osmon qop-qora boʻldi.

Tagʻin turdim. Dalbanglab-dalbanglab bordim. Birovning boʻyniga osildim.
— Birodarlar, men sizlarga nima qildim... — dedim.

Uni jonimning boricha quchoqlab turdim.

U, ichimga koʻp musht urdi.

Nafasim hiqillab boʻlindi. Ichimda bir nima ezildi. Qoʻllarim boʻshashib, yelkasidan sidirilib tushdi.

Oyogʻimda majolim qolmadi. Oʻzimni yerga chalqancha tashladim...
— Birodarlar, aybimni ayting, aybimni... — deya ingrandim.

Belimga uchli bir nima zarb bilan tegdi. Keyin biqinimga tegdi. Zarb har tekkanda jonim hal¬qumimga kelib ketdi.
— Birodarlar, men ham odam-ku... — deya ingrandim.

82

Shunda... shunda, ot kishnadi.

Umrim ot bilan oʻtdi. Hay bir otlarni koʻrdim, hay bir kishnashlarni eshitdim.

Ot suvsab kishnadi, ot ochqab kishnadi. Shunda ot koʻnglini suv berib oldim, ot koʻnglini yem berib oldim.

Ot avlod-ajdodlarini qoʻmsab kishnadi, ot ulpi-tomirlarini yoʻqlab kishnadi. Otlar ovozini eshitib kishnadi, baytallar havosini olib kishnadi.

Shunda, otni egarladim, dasht-u dalalarni aylantirdim, ot oyogʻini yozdim. Otni sovutdim, otni yupatdim.

Ot ilon sharpasini olib kishnadi. Uydan otilib keldim. Ot yonini oldim, boʻyinlarini uqaladim. Otga yoʻldosh boʻldim.

Ot boʻri hidini olib kishnadi. Ha, jonivor, ha, deya ovoz berib chopdim. Ot boʻyniga qoʻlimni qoʻydim, ot yollarini siladim. Ot oldida boʻldim. Otga gapirib-gapirib turdim, birodar boʻlib-boʻlib turdim.

Kishnash koʻrdim, kishnashlar koʻrdim, ammo ushbu oqshomdagidayini koʻrmadim.

Vo darigʻo, bu qandaychikin kishnash boʻldi? Kishnash koʻngil-koʻnglimni oʻyib yubordi, vujud-vujudimni qaqshatib yubordi. Tanamdagi ogʻriqlar-da bilinmay qoldi.

Bizning Tarlonga nima boʻldi, birodarlar? Nima boʻlsa-da, yomon boʻldi! Bizning Tarlon nima koʻrdi, birodarlar? Nima koʻrsa-da, yomon koʻrdi!

Bizning Tarlon ilon koʻrdimikin? Yoʻq, bizning Tarlon ilon koʻrsa bundayin kishnamaydi. Bizning Tarlon boʻri koʻrdimikin? Yoʻq, bizning Tarlon boʻri koʻrsa-da, bundayin kishnamaydi.

Bizning Tarlon ilondan-da yomonini koʻrdi, bizning Tarlon boʻridan-da yomonini koʻrdi!

Tarlonni yoʻqlab qarayin dedim. Boshimni koʻtarayin dedim. Boʻlmadi, boʻlmadi!

Koʻzim osmondaligicha qoldi. Osmon olis, yer qattiq boʻldi...

Ot uzib-uzib kishnadi.

Koʻzlarim tindi. Bepoyon osmon, begʻubor osmon qop-qora qozon boʻldi!

Yuzimni chapimga burdim. Avval-avval bir nimada koʻrmadim. Keyin-keyin oq bilan qorani fahmladim. Ana shunda Tarlonni koʻrdim.

Tarlon boʻynini gajak-gajak qildi.

Togʻlarga qaradi, zorlanib-zorlanib kishnadi.

Tarlon dumlari yoyilib-yoyilib kishnadi, yollari hurpayib-hurpayib kishnadi.

Adirlarga qaradi, chorlab-chorlab kishnadi.

Tarlon quloqlari chimirilib-chimirilib kishnadi, pishqirib-pishqirib kishnadi.

Qishloqqa qaradi, yolvorib-yolvorib kishnadi, zor-zor kishnadi.

Tarlon jilovini silkib-silkib kishnadi, yulqib-yulqib kishnadi.

Keyin, men sari yuzlandi. Oyoqlarini katta-katta yoydi. Boʻynini choʻzdi. tumshugʻini choʻzdi. Quloqlarini chimirdi.

Tarlon zinkiydi!

Old tuyoqlari bilan tarsillatib-tarsillatib yer tirnadi. Keksaklab-kesaklab yer otdi. Tuyoqlari osti changidi.

Tarlon qahr ham iztirob bilan kishnadi. Oqshom kishnashdan zir titradi.

Oqshom, Tarlon kishnashidan, Tarlon kishnashi, oqshomdan-da mungli boʻldi, oqshomdan-da ayanchli boʻldi.

Uchli zarb, chap tizzam koʻziga kelib tegdi.

Chinqirib yubordim. Koʻz oldim qop-qora boʻldi...
— Tepib oʻtirasanmi, biqiniga tiqib ol!..
— E-e-e, ot!
— Qoch, ot kelayapti!

Shunda, tagʻin hushimga keldim. Ohista koʻzimni ochdim.

Tarlon tumshugʻini choʻzib zinkiyib, ularni quvdi. Birini qoʻyib, birini quvdi.

Ular ariqdan hatlab qochdi. Birin-ketin mashinasiga kirdi.

Ammo birovi Tarlondan qochib qutulolmadi. Uyoqqa burib soldi, boʻlmadi, buyoqqa burib soldi, boʻlmadi. Nima qilishini bilmadi. Oxiri yerdan nimadir olib, Tarlonni boshiga bir urdi.

Tarlon boshini silkib-silkib ohistaladi.

Unisi-da ariqdan hatlab oʻtdi.

Tarlon-da ariqdan oʻtdi. Mashina oldiga keldi. Old tuyoqlari bilan yer tirnab-er tirnab kishnadi.

Mashina gʻizillab joʻnadi.

Tarlon mashina ketidan xiyla yoʻlgacha chopib bordi. Keyin, iziga qaytib keldi.

Ariqdan oʻtib, boshimga keldi. Yuzlarimga tumshugʻini tekkizib-tekkizib koʻrdi. Yuzlarimni iskab-iskab koʻrdi.

Men Tarlon nafasini tuydim. Tumshugʻini qoʻshqoʻllab quchoqladim. Jagʻlari, peshonasini siladim.

Shunda, kaftim hoʻl boʻldi. Ter, ot teri deb oʻyladim. Kaftimni koʻzlarimga olib kelib qaradim. Keyin, Tarlonga tikilibroq qaradim.

Tarlon peshonasidan qon sizdi...

Hoʻngrab yigʻlab yubordim. Oʻpkamni bosayin dedim, bosolmadim...

83

Qosh qoraydi.

Odam odamni tanimaydigan boʻldi.

Bir amallab chap yonbosh boʻldim. Tarlon oyogʻini quchoqladim. Tizzasiga peshonamni qoʻydim. Uzalib, old qopqogʻiga shapatiladim.

Tarlon yelkalarimni iskadi. Keyin, old oyoqlarini asta-asta bukdi. Tarlon tizzaladi!

Men chap qoʻlim bilan egar qoshidan oldim. Egarga koʻkragimni berdim. Timtalanib-timtalanib egarga bel boʻlib yotdim. Nafasimni rostlab oldim. Tagʻin qimtinib, oyogʻimni egardan oshirdim. Tarlonni quchoqlab oldim.

Tarlon qaddini rostladi.

Shamol boshimni yalab oʻtdi. Shunda, bosh yalangligimni bildim. Telpagim yerda qolibdi.

Tushayin dedim, tagʻin, minishimni oʻyladim. Telpagimga qoʻl siltadim. Belbogʻimni yechib, boshimni tangʻib bogʻlab oldim.

Katta yoʻl chetidan yurdim.

Bor boʻyicha qorongʻi tushdi. Adirlar qop-qora soyaday boʻldi.

Egarda chayqalib-chayqalib, koʻnglim shu kechaday zim-ziyo boʻlib-boʻlib, oʻksib-oʻksib bordim...

84

Tarlon-ay, nima kunlarga qolding-a?...

Tushda boʻlayaptimi, yo oʻngda boʻlayaptimi?

Sen farqlamasang, men farqlay olmay qoldim, Tarlon...

Haligilar qanday jonzot edi, Tarlon! Sin-simbati odamga kelbat beradi. Ust-boshlari-da bor. Odamga mayzab gapiradi, odamga mayzab kuladi...

Bilmadim, Tarlon, bilmadim. Sen bilmasang, men bilmadim. Men seni bilaman, Tarlon. Ular men uchun begona, Tarlon...

Ayo Tarlon, sen mening ukamsan, ukam.

Boʻldi, men endi ularni ukam demayman. Mening ukam sensan. Sen mening ukamsan, Tarlon. Oʻzi menga oʻxshaysan, Tarlon, menga... Ukasi akasiga oʻxshaydi-da, Tarlon...

Tarlon ukam-ov, endi nima qilamiz? Endi, bola-chaqaga borib nima deymiz? El soʻrasa nima deymiz?..

Ayo Tarlon, sen mening jiyanimsan, jiyanim.

Boʻldi, men endi ularni jiyanim demayman. Mening jiyanim sensan, Tarlon. Sen menga tort¬ding, Tarlon. Jiyan togʻasiga tortmasa, kimga tortadi, Tarlon...

Tarlon jiyanim-ov, yo yoʻlda yiqildik, deymizmi? Koʻzlaring bor edi-ku, desalar-chi? Ariq loy ekan, toyib ketdik, deymiz. Binoyimi, Tarlon jiya¬nim? Boʻlmasa, elga ermak, xalqqa shaloq boʻlamiz...

Ayo Tarlon, sen mening akamsan, akam.

Boʻldi, man endi ularni akam demayman. Mening akam sensan, Tarlon. Uka desa degulik, mendayin ukang bor, aka desa degulik, sendayin akam bor, nima gʻamim bor, Tarlon...

Ayo Tarlon, sen mening birodarimsan, birodarim.

Boʻldi, men endi ularni birodarim demayman. Mening birodarim sensan, Tarlon...

Ayo Tarlon, sen mening qiyomatlik birodarimsan, qiyomatlik birodarim...

1979