OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTogʻay Murod
Asar nomiOtamdan qolgan dalalar (I- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Togʻay Murod
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Romanlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Sharq» nashriyot-matbaa konsernining bosh tahririyati, Toshkent — 1994 yil
Hajm244KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/29
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Annotatsiya
«Otamdan qolgan dalalar»— ramziy roman. Muallif oʻz romanida butun umr dalada ketmon chopib, serquyosh yurtida yelkasi oftob koʻrmagan, qut-barakot yurtida kosasi oqarmagan munis oʻzbek xalqi siymosini Dehqonqul timsolida badiiy talqin etadi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Otamdan qolgan dalalar (I- qism)
Togʻay Murod

«
Birlashgan Millatlar Tashkiloti
a'zosi — Ozod Oʻzbekiston
uchun bitdim.

Muallif
»

Birinchi bob

1

Men fargʻonachi Jamoliddin ketmon nabirasi boʻlaman.

2

Bobomiz hovlisi Fargʻonada boʻladi.

Dalasi Fargʻona adogʻida boʻladi.

Bobomiz dalasi oldidan bir ariq suv oqadi.

Suv gavhar zilol-gavhar zilol suv boʻladi.

Suv egilmish tollar majnun-majnun sollanadi.

Ariq oʻngida shahardan kelajak yoʻl boʻladi.

Yoʻl ariq yoqalab oʻtadi. Yoʻl majnuntol soyalab oʻtadi.

Bobomiz ana shu yoʻldan sahar-sahar dalalaydi.

Tolga xurjun iladi. Tahorat oladi. Qiblalatib belbogʻ yoyadi.

Choʻlpon yulduz poyida quloq qoqadi. Choʻlpon yulduz poyida sajda etadi.

3

Bobomizda nima boʻladi — ketmon boʻladi. Ketmon emas — bir baloi bad boʻladi!
— Jamoliddinni ketmoni dalasiday keladi! — deydi el.

El qaerda qanday ulkan nima koʻrsa boʻldi—bobomiz ketmoniga nisbat beradi.
— Ol-a, Jamoliddinni ketmoniday keladi-ya! — deydi el.

4

Bobomiz urmish ketmonni oʻzidan oʻzga yerdan tortpb ololmaydi.

Bobomiz kalima qaytarib-qaytarib ketmon chopadi. Xudoni yodlab-yodlab ketmon chopadi. Xudoga shukrona aytib-aytib ketmon chopadi.

Yoʻldan oʻtkich-ketkichlar bobomizga hormang etadi.

Bobomiz yoʻlga qiyo-da boqmaydi. Daladan bosh koʻtarmayin bor boʻling, etadi.

Shu bois, yoʻldan kim oʻtadi-kim ketadi — bilmaydi. Bilgisi-da kelmaydi. Kim boʻlsa-da — bir moʻmin, musulmon-da, deydi.

5

Saraton jingirtob-jingirtob kuydirmish bir mahal yoʻldan ajabtovur ovozlar eshitiladi.

Ajabtovur ovozlar oʻz yoʻlida keta beradi. Bir ogʻiz hormang etmaydi.

Shunda, bobomiz ketmonini yer botiradi. Engashmish koʻyi tizzalariga kaft tiraydi. Yer ostidan yoʻlga koʻz tashlaydi.

Bobomiz koʻzimga ter tomdi-yov, deya oʻylaydi. Qoʻli yuzi bilan koʻzlarini artadi.

Bobomiz boshqatdan qaraydi.

Vo darigʻo, shu koʻrinmish ajina boʻldimi? Ha, yoʻgʻ-a! Umri shu dalada oʻtdi — bir nima-da koʻrmadi.

Yo, shu koʻrinmish tush boʻldimi? H-a, yoʻgʻ-a! Oʻlik-tirik sergak vaqt-a!

Musichalar uzib-uzib ku-kulaydi.

Kun yonadi.

Saraton sap-sariq tovlanadi.

Oʻtkinchi balolar saratonday sap-sariq boʻladi.

Saraton balolardan sariq boʻladi, balolar saratondan-da sariq boʻladi.

Bobomiz qad rostlab qaraydi. Yoʻlga betma-bet boʻlib qaraydi. Oʻng kaftini qoshi uzra soyabon qilib qaraydi.

Bobomiz pichir-pichir kalima qaytaradi. Ketmonini yelka ola-ola qadamlaydi.

Ariq labida yuvinib-chayinadi. Xurjunidan tushligini oladi. Ariq boʻyida yoyadi.

Bobomiz chordona qurib oʻtiradi. Ariqqa non botirib-non botirib tushlik qiladi. Ariqdan qoʻshhovuchlab-qoʻshhovuchlab suv olib tushlik qiladi.

6

Kun qiyomdan-qiyom boʻladi.

Yoʻldan Salohiddin boʻyrachi oʻtadi.

Bobomiz boʻyrachini gapga soladi.
— Sizdan oldin ashiyoqqa bir balo oʻtdi, — deydi bobomiz.

Salohiddin boʻyrachi ariq oʻngida oyoq iladi.
— Ajina boʻlib ajina boʻlmadi, odam boʻlib odam boʻlmadi, — deydi bobomiz.

Boʻyrachi ariq boʻyida soyalaydi. Bobomiz bilan muqobil boʻladi.
— Koʻrdim, Ketmon, koʻrdim, — deydi boʻyrachi. — Oʻzimni yoʻldan chetga olib turdim.
— Nega-nega?
— Gʻayridinlar bilan yoʻlim bir boʻlmasin, dedim-da.
— Bizning koʻchamizda gʻayridinlar... yeb yuribdimi?
— E-e, Ketmon, Ketmon. Senga ketmon boʻlsa boʻldi. Sen ham odamday boʻlib, ketmondan bosh koʻtarsang ekan, dunyodan xabardor boʻlsang.
— Mana, ketmondan boshimni olib oʻtiribman?
— Qorning ochgandir-da. Boʻlmasa, ketmondan bosh koʻtararmiding.

Salohidin boʻyrachi shunday deya, yoʻl bosh-adogʻiga qarab oladi. Bobomiz, oldiga lik etib sapchib oʻtadi. Bobomiz qabatiga choʻkadi. Bobomiz bilan yelkama-elka boʻladi.
— Fargʻonagʻa Oqposhsho keldi, — deya pichirlaydi.
— Mullalar Oqposhsho bizni ololmaydi, deyatib edi-yu?
— Olibdi-da.
— Qoʻqondan Olimquli lashkarboshi Chimkanga lashkar tortib ketibdi, deyatib edi-yu?
— Olibdi, olibdi. Ololmas ekan-u, Buxoro amiri Muzaffarxon oʻtirib qoʻyibdi. Olimquli lashkarboshi Chimkanda Oqposhsho yelkasini yerga tekkizibdi. Oqposhsholilarni bitta qoʻymay qilichdan oʻtkazmoqchi boʻlib tursa, Muzaffarxon bizning Qoʻqonga daf'a qilibdi.
— Boʻlaman degich el, bir-birini botirim deydi, boʻlmayman degich el, bir-birini etini yeydi.
— Olimquli lashkarboshi gʻazot maydonini tashlab, oʻzimizning Qoʻqonni oʻzimizning Buxoro amiri bilan mudofaalash uchun qaytib kelibdi. Oqposhsho bundan foydalanibdi. Chalajon oq lashkarlar tagʻin daf'a qilibdi. Oldin Chimkanni olibdi, keyin Toshkanni olibdi.
— Ha, tavqi la'natlar! Toshkanniyam olibdimi-a?
— Olibdi, Toshkanniyam olibdi. Saidazimboy degich savdogar boy Oqposhshoga Toshkanni sotibdi. Toshkanda Kaykovus degich ulkan bir ariq bor ekan. Toshkan yolgʻiz ana shu Kaykovusdan suvlar ekan, Saidazimboy Oqposhshoga ana shu Kaykovusni chippa boʻgʻib, Chirchiqqa burib yuborishni maslahat beribdi. Oqposhsho Saidazimboy gapi bilan Kaykovusni chappa qayirib, Chirchiqqa oqizibdi. Ana shundan Toshkan qirq ikki kecha-kunduz suvsiz qolibdi. Xalq holdan toyib, Toshkanni mudofaa qilolmay qolibdi. Oqposhsho saharlayin Toshkanni bosibdi.
— Ila-bila, Qoʻqongacha kelibdimi-a?
— Toshkan bilan Qoʻqon orasi ikki qosh oraligʻiday keladi. Yetib keladi-da. Oʻzimizning Qoʻqon xoni he yoʻq, be yoʻq, shahar darvozasini ochib beribdi. Marhamati uchun Oqposhshodan «Aslzoda» faxriya unvoni olibdi, nishon olibdi...

Bobomiz chaparasta-chaparasta soʻkadi:
— He, ena...!

7

Xudo bermish kun boʻladi — yoʻlda Oqpodsho boʻladi.

Bobomiz Oqpodshoga ket burib ketmon chopadi. Bobomiz Oqpodshoga ters boʻlib ketmon chopadi.

Bobomiz Oqpodsho betini koʻrmayin-da, kuymayin-da, deydi.

Oqpodsho arava minib oʻtadi. Oqpodsho soz chalib oʻtadi. Oqpodsho ashula aytib oʻtadi. Oqpodsho hushtak chalib oʻtadi.

Bobomiz shunda-da Oqpodsho betiga qayrilib qaramaydi. Enkaymish koʻyi butlari orasidan moʻralaydi.

Oqpodsho oyoqlari osmonda boʻlib koʻrinadi, boshlari yerda boʻlib koʻrinadi.

Oqpodsho olaboʻji boʻlib koʻrinadi!

Bobomiz tushlikda-da Oqpodshoga ket burib oʻtiradi.

Dalasiga yuz solib-yuz solib tushlik qiladi.

Oqpodsholik arava ariq yoqasida oyoq iladi.

Aravadan tap-tap Oqpodsho tushadi.

Bobomiz Oqpodsho tarafga koʻz qirida qaraydi. Shunda ajab sinoat koʻradi.

Bir juft oqbadan-oqbadan olaboʻji dala oralab boradi. Oldin-ketin boradi. Gʻoz-gʻoz boradi.

Oqbadan olaboʻjilar boradi-boradi — dala kindigida oyoq iladi. Gʻoz turadi-turadi — uzala tushib yotib oladi.

Bobomiz koʻzlarini yumib-ochib qaraydi. Bobomiz koʻzlarini pirpiratib qaraydi.
— Yo, tavba-a! — deydi.

Bobomiz ohista-ohista toʻrkaladi. Ketmonini yelka oladi. Soʻqmoq boʻylab boradi.

Bobomiz bir kapa joyni kaftday pollab edi. Tuprogʻini kaftlarida ezib-ezib maydalab edi. Kepakday-kepakday muloyimlab edi. Kepak tuproqqa don sepib-sepib tashlab edi. Chumchuq terib ketmasin deya, kepak tuproq uzra un misol tuproq sepib-sepib qoʻyib edi.

Ana shu kepak tuproqda, ana shu un tuproqda bir juft Oqpodsho yalpayib-yalpayib yotadi!

Oqpodsho qip-yalangʻoch yotadi! Oqpodsho onadan endi tugʻilmishday yotadi!

Erkakzot Oqpodshoda aqalli bir enlik lungi boʻlmaydi.

Ayolzot Oqpodsho mammalari osma qovunday-osma qovunday osilib yotadi.

Bobomiz bilaklari bilan betlarini bekitadi.
— Iyya-iyya! — deb chappa buriladi. Oqpodsholar ana shunda kalla koʻtarib qaraydi.

Yonbosh yotib qaraydi. Koʻz qisib qaraydi. Erkakzot Oqpodsho kaftida tuproq oʻynaydi.
— Tuprogʻingni biz uchun muloyimlab qoʻyibsan, minnatdorchilik bildiramiz, — deydi.
— Yurib-yurib, oxiri sening tuprogʻingni tanladik. Baxting bor ekan, — deydi ayolzot Oqpodsho.
— Oʻziyam bizbop tuproq boʻlibdi-da.
— Ana endi, quyoshda mazza qilib toblanib yotamiz.
— Nima uchun yuzingni yashirasan? Sen ham quyoshda toblan.

Bobomiz shu zayli loʻkillab-loʻkillab qayta beradi.

Bobomiz ariq labida muztar boʻlib-muztar boʻlib oʻtiradi. Betlarini changallab-changallab oʻtiradi.

Bobomiz nima koʻrdi, qachon koʻrdi — aqli-da bovar etmaydi.

Oqpodsholar joyidan jiladi. Dalani qoq oralab keladi. Oʻzlarini suvga tashlaydi.

Oqpodsholar suv shaloplatib-suv shaloplatib choʻmiladi.

Oqpodsholar bobomizga taqlidan bilaklari bilan betlarini bekitadi.

Iyya-iyya! — deya, bobomizni mayna etib-etib suv gʻarqob boʻladi. — Iyya-iyya! — deya xoxolashib-xoxolashib suv gʻarqob boʻladi.

Oqpodsholar qiyqirib-qiyqirib choʻmiladi.

Tollarda tushlamish chumchuqlar gurr-gurr uchadi.

Gavhar suv boʻtana boʻladi.

8

Shu-shu boʻladi — bobomiz dalasi yuzini qaytib koʻrmas boʻladi.
— Toqqa ketaman, — deydi bobomiz. — Togʻdan yer olaman.
— Togʻ olis-da, — deya mingʻillaydi momomiz.
— Olis boʻlsa boʻlar. Ana, togʻdan yer olib ishlayaptilar. Oʻlib qolmayaptilar.
— Endi deyman-da, olisni shoʻrvasidan yaqinni yovgʻoni, deyman-da.
— Dalamda musulmon oyoq bosar yer qolmadi. Dalamda dehqon oyoq bosar yer qolmadi. Boʻldi, endi qaytib oyoq bosmayman.
— Dalada nima ayb.
— Kofir yumalab yotar dalada fayz qoladimi?

Momomiz quvvatlamish boʻlib bosh irgʻaydi.
— Tanasida mana muncha libosi boʻlsa, oʻlsin agar! — deydi bobomiz. — Bir joylari dalamda mana bunday dirkillab turibdi!

Momomiz ogʻzini ushlab-ushlab kuladi.
— Bir yotsa, yotibdi-da.
— Boʻldi, endi u daladan baraka koʻtarildi.
— Bosib-bosib suvlang. Suv nimalarni yuvmaydi.
— Suv? Suv qoldimi! Oq toʻngʻizday ariq agʻnay berib, suvni-da haromladi! It-da ariq labidan yalab-yalab suv ichadi! Oqpodsho boʻlsa, oq toʻngʻizday ariq agʻnadi!

Momomiz gap bilan andarmon boʻlib bilmaydi.

Koʻylak etaklari yigʻiladi-yngʻiladi — tizzalab boradi. Tagʻin yigʻiladi-yigʻiladi— tizzadan sonlab-sonlab boradi.

Momomiz lozim ulogʻlari namoyish boʻladi. Bobomiz boʻsh piyolani zarda bilan toʻntarib tashlaydi. Lik etib joyidan turadi.
— Etagingizni yopsangiz boʻlmaydimi? — deya oʻshqiradi. — Nima, Oqposhshomidingiz?

9

Bobomiz togʻlab borolmay qoladi.

Hufton vaqti-hufton vaqti guzardan achchiq-achchiq baqiriq-chaqiriq keladi.

Bobomiz nima gap, deya chopqillab-chopqillab boradi.

Guzar olatoʻpolon boʻladi. Guzar olatasir boʻladi.
— Gʻazot, gʻazot!
— Muhoraba, muhoraba!

Bobomiz oʻz dardini oʻzi tuyadi. Bobomiz oʻz kuyigini oʻzi tuyadi.

Gap yoʻq, soʻz yoʻq — qinidan pichogʻini oladi.

Birov pichoq oladi. Birov tayoq oladi. Birov tosh oladi.

El oqkaltak-qorakaltak boʻladi.

El mulla Namozni oppoq kigiz soladi. Kigiz toʻrt burchidan oladi.

El kigiz koʻtarib-koʻtarib takbir aytadi. El kigiz koʻtarib-koʻtarib zikri samo' aytadi.

El ushbu kigizdayin oppoq ot yetaklab keladi.

El mulla Namozni ana shu oppoq kigizdan ana shu oppoq otga mindiradi.
— Pirim, yoʻl boshlasinlar! — deydi. Mulla Namoz oq otda kaft ochadi. El yoppa baraka omin qiladi. Mulla Namoz oq otda yoʻl oladi.

El koʻtariladi. El oq otliq ketidan yoʻl oladi.

Yoʻlda ushoqday Ibodin soqov qatiq sotadi. Elga kadida qatiq tutadi. «Ap-ap-ap», deydi.

«Qatiqdan ichib ketinglar, qatiqdan», demoqchi boʻladi.

Alvir-shalvir Ibodin soqov Hayotxon degich momoning yolgʻiz oʻgʻli boʻladi. Tugʻma soqov Ibodin iljayib-iljayib yuradi. Baqrayib-baqrayib yuradi.

Yelgʻiz oʻgʻil Ibodin, soqov oʻgʻil Ibodin, qatiq sotib ona boqadi.

El Ibodin soqovni aylanib oʻtadi. El Ibodin soqovni yoʻldan qoch, deya turtib oʻtadi.

Ibodin soqov keti bilan oʻtirib qoladi.

Bobomiz ushoqday Ibodin soqovni dast koʻtarib, chet oladi. Oʻngiri bilan bet-boshini artadi. Qatigʻini bir koʻtarishda ichadi. Qoʻliga chaqa beradi. Yelkasiga qoqa-qoqa uyiga joʻnatadi.

El Oqpodsho qarorgohilab kelgunichayin olaqaroq tun boʻladi.

El oʻqlogʻday-oʻqlogʻday choʻyan panjaralar bilan oʻralmish qarorgohni oʻrab oladi.

Oq otliq qarorgoh eshigidan ot qoʻyadi.

Oqkaltak-qorakaltak el-da oʻzlarini eshik uradi.

Eshikogʻalar dang qotib qoladi. Otishlarini-da bilmaydi, otmaslarini-da bilmaydi.

Eshikdan boshlab qon toʻkiladi.

El ikkita eshikogʻani-da pichoqlab oʻldiradi.

El ichkarida oyoq uzatib yotmish Oqpodsholarni joyida bosadi.

El Oqpodshoni boʻgʻib-boʻgʻib oʻldiradi. El Oqpodshoni boʻgʻizlab-boʻgʻizlab oʻldiradi. El Oqpodshoni pichoqlab-pichoqlab oʻldiradi.

Qarorgohda tirik jon qolmaydi.

Ana endi qarorgohga oʻt qoʻyib yuborajak boʻladilar.
— Minba'd, musulmonlar, minba'd! — deya amr beradi oq otliq. — Bu imoratni Oqposhsho Peterburgdan olib kelmadi! Bu imorat oʻznmizning imoratdir! Onqadarkim, Oqposhsho kelib joylashib oldi! Shunday ekan, minba'd imoratga ziyon bermangiz.

El tutantiriqni oyoq ostiga tashlaydi. Tepkilab-tepkilab oʻchiradi.
— Musulmonlar — zafarona daydi oq otliq. — Mana, Oqposhshoni yer bilan yakson etdik! El-yurtimizni Oqposhshodan ozod etdik! Alhol, endi oʻz yurtlaringizga oʻzlaringiz bek boʻlib kun kechirgaysizlar!

El shod-xurramligini shoyi etish uchun karnay-surnay yoʻqlaydi.

Zim-ziyo tunda karnay-surnay qani?

Shunda el hovuchlari bilan karnay chaladi. Hovuchlari bilan surnay chaladi. Hovuchlari bnlan sibizgʻa chaladi.

Gʻaflatda yotmishlar uylaridan tashqarilaydi. Alang-jalang boʻladi.
— Nima boʻldi? — deydi.

El zafarlarini shoyi etadi:
— Oʻz yurtimizni qaytib oldik!
— Oqposhshoni pichoqdan oʻtkazdik!

El ana shunday kayfiyatda tarqaladi.

10

Oqposhsho keladi — ana endi keladi!

Fargʻonani Oqpodsho bosadi.

Oqpodsho shahar oralaydi.

Shaharda tirik jon boʻladi — guzar haydaydi.

Oqpodsho bobomiz uyini-da bosadi. Momomiz bilagidan olib otadi.

Momomiz jalp etib tashqari tushadi.

Momomiz uvvos-uvvos yigʻlaydi. Momomiz yer tayanib turayin, deydi — turolmaydi.

Oqpodsho momomiz sochidan buraydi. Oqpodsho momomiz sochidan sudraydi.

Momo yer quchib-quchib yigʻlaydi. Momomiz yer tirnab-tirnab yigʻlaydi.

Momomiz qonqora qaqshaydi.
— Oʻldim, oʻldim-a!.. — deya vovaylo etadi.

Momomiz nimkala soz-nimkala soz oyoq oladi. Momomiz munkib-munkib odimlaydi. Momomiz alpon-talpon odimlaydi.

Ketidan ushoq oʻgʻlonlari iyaradi.

Oldilaridan Ibodin soqov kelib qoladi. Qoʻltigʻida bir kadi qatiq boʻladi.

Ibodin soqov elga iljayib-iljayib oʻtadi. Ibodin soqov Oqpodshoga baqrayib-baqrayib oʻtadi.

Oqpodsho birov-biroviga qarab oladi. Ajabona-ajabona yelka qisadi.
— Ey, chuchela, yoʻl boʻlsin? — deydi. Ibodin soqov iljayib-iljayib oʻta beradi.
— Ey, chuchela, senga aytayapman?!

Ibodin soqov Oqpodshoga qayrilib-da qaramaydi. Baqrayib-baqrayib oʻta beradi.

Oqpodsho otini yoʻrttirib boradi. Ibodin soqov oldini oladi.

Ibodin soqov ot tumshugʻiga iljayib qaraydi. Otliq podshoga iljayib qaraydi. Otliqni aylanib oʻtarman boʻladi.

Shunda, boshqa bir otliq toʻgʻanoq boʻladi.

Ibodin soqov bir oʻng otliqqa iljayadi, bir chap otliqqa iljayadi. Boʻsh qoʻlini guzar taraf «nish» etadi. «U-u-u», deydi:

«Hay, anavi guzarga ketayapman».

Soʻgʻin, qoʻltigʻidagi qatiqqa ishora beradi:

«Qatiq olib ketayapman».

Oqpodsho qatiqqa egilib qaraydi.
— Qatigʻini olib ichamizmi? — deydi.
— Qoʻy-e, bularni qatigʻini ichib boʻladimi!
— Kim biladi, enasini sogʻib qatiq qiladimi! Oqpodsho qamchi sopini Ibodin soqov peshonasiga nuqilaydi.
— Oldimga tush! — deya zugʻumlaydi.

Ibodin soqov elga bir qarab oladi. Boshini sarak-sarak etadi. «Pa-pa-pa», deydi:

«El oldidan oʻtdim, biroviyam qatiq soʻramadi».

Ibodin soqov iljayib-iljayib tura beradi. «Av-av-av», deydi:

«Endi guzarga boraman. Guzarda qatiq ketadi».

Oqpodsho kadiga egilib qaraydi. Qatiqqa tupuradi. Balgʻamlab-balgʻamlab tupuradi:
— Tuf, ah, tuf!

Oqpodsho etik uchi bilan Ibodin soqov iyagiga turtadi.
— Boʻldimi, chuchela? — deydi. — Qani, endi yur.

Ibodin soqov bir qatiqqa qaraydi, bir Oqpodshoga qaraydi. Lablarini buradi-buradi...hoʻngrab yigʻlab yuboradi. Qatigʻini koʻrsatib-koʻrsatib yigʻlaydi: «Ea-ea-ea», deydi:

«Endi, ayamga nima deyman?»

Ibodin soqov yigʻlaydi-yigʻlaydi... qatigʻini Oqpodshoga sepib yuboradi. Zabt bilan uyi taraf qochadi.
— Toʻxta, chuchela!
— Toʻxta deyman!

Ibodin soqov pir-pir chopib qoʻya beradi.

Shunda, Oqpodsho miltiq peshlaydi. Ibodin soqov chuydasini koʻzlaydi.

Oʻq dol nishonlaydi.

Juldur-juldur Ibodin soqov chalpak boʻlib uchadi.

Oqpodsho ot yoʻrttirib boradi.

Irkit-irkit Ibodin soqov yuzlari iljaya-iljaya soʻladi.

Irkit-irkit Ibodin soqov koʻzlari baqraya-baqraya soʻnadi...

«Endi... ayamga nima deyman?»

11

Yormozorda muhtasham bir masjid-madrasa boʻladi.

Oqpodsho moʻmin-mazlumni ana shu Yormozor masjid-madrasa qoshida toʻdalaydi.

Moʻmin-mazlum mungʻayib-mungʻayib turadi. Moʻmin mazlum jovdirab-jovdirab turadi.

Moʻmin-mazlum bir-birovi koʻksiga yigʻlaydi. Moʻmin-mazlum bir-birovi yelkasiga yigʻlaydi.

Moʻmin-mazlum uzun kun ana shunday turadi.

12

General Skobelev kunbotarda tashrif etadi.

Shaqovatpanoh toʻralar bilan falokatmaob hokimlar hamrohligida keladi.

General Skobelev moʻmin-mazlum uzra qahr bilan karillaydi:
— Sart-sobakalar — deydi. — Oralaringdan bir nobakor sart olampanoh oliy hazratlariga qoʻl koʻtardi! Igʻtisho ham isyon qildi! Oʻrusiya saltanatining oʻnta muazzam askarini shahid etib, gʻoziy boʻldi! Ul nobakor — mulla Namozdir! Mulla Namoz osiya boʻldi! Mulla Namoz bogʻiy boʻldi! Biz ul osiy ham bogʻiyni bugun topolmadik, erta-indin albatta topamiz! Siz ul nobakorni topishda olampanoh oliy hazratlariga madad beringiz! Qoʻrqmangiz, olampanoh ul osiy ham bogʻiy banda qonidan kechadi!

Moʻmin-mazlum sukutda qoladi. Moʻmin-mazlum nafas yutadi.

General Skobelev karr-karr etadi:
— Osiylik ham bogʻiylik kimdan qoʻzgʻoldi — bilamiz! Ammo bu nonkoʻrlik qaerda qoʻzgʻoldi? Javob beringiz! Polkovnik Chaykovskiy.
— Labbay-labbay?

General Skobelev ketida mulla mushuk boʻlib turmish Chaykovskiy lip etib olgʻa oʻtadi.
— Labbay, taqsir, labbay? — deydi.
— Aytingiz, bu osiylik ham bogʻiylik qaerda qoʻzgʻoldi?

Chaykovskiy boshi bilan muhtasham binoga imo beradi.
— Manavi choldevorxonada qoʻzgʻoldi, janobi oliylari, — deydi.
— Bu qanday choldevorxona boʻldi?
— Bu masjid boʻldi, janobi oliylari!
— Osiylik ila masjid orasida ne mushtaraklik boʻldi?
— Mulla Namoz ana shu masjid imom xatibi, janobi oliylari.
— Osiy banda mulla Namozni oq kigizga oʻtirgʻizuvchi muridlari ana shu masjidda toat-ibodatlanadi, deysiz-da?
— Topdingiz, janobi oliylari, topdingiz.
— Masala ravshan boʻldi!

General Skobelev uzangi yoʻldoshlari bilan mashvaratlashadi.

13

Oqpodsho moʻmin-mazlumni yoʻl oʻngiga haydab oʻtadi.

Oqpodsho qoʻqoni aravasimon uchta toʻp sudrab keladi.

General Skobelev moʻmin-mazlum bilan toʻplar oraligʻida turadi. Ot gijinglatib-ot gijinglatib turadi.
— Sart-sobakalar! — deydi. — Oʻrusiya podsho hazratlari oʻz istibdod saltanati quvvai qudratini koʻz-koʻz etmoq uchun toʻp otadi! Toʻp otish bilan ham-ohang namoz oʻqiladi! Amr etuvchi oʻzim boʻlaman!

General Skobelev toʻpchilarga amr beradi:
— Toʻplar shaylansin! Toʻplar sharaq-shuruq boʻladi.

General Skobelev moʻmin-mazlumga amr etadi:
— Yotilsin! Yuzlar yerga qoʻyilsin! Quloqlar yopilsin! Namoz oʻqilsin!

Moʻmin-mazlum masjidga ruku etadi. Moʻmin-mazlum yer choʻkkalaydi. Moʻmin-mazlum peshonasini yer qoʻyadi — misoli namoz oʻqimish boʻladi.
— Nogʻoralar chalinsin!

Nogʻorachilar bodratib-bodratib nogʻora chaladi.
— Otilsin!

Uchta toʻp birvarakay otadi. Gumbur-gumbur otadi. Masjid quyuq-quyuq tutunda qoladi.
— Turilsin!

Moʻmin-mazlum yerdan bosh oladi. Moʻmin-mazlum qoʻl qovushtirib-qoʻl qovushtirib turadi.
— Otishga shaylansin!

Toʻplar jangir-jungur oʻqlanadi.
— Yotilsin!

Moʻmin-mazlum tagʻin peshonasini yer qoʻyadi. Moʻmin-mazlum tagʻin quloq-chakkasini ushlaydi.
— Otilsin!

Masjid qop-qora toʻpon boʻladi.

Nogʻorachilar bodratib-bodratib nogʻora chaladi.

Shunda, bir nuroniy chol mazlumni yorib-yorib oldinlaydi. Nuroniy chol yoʻlida gʻov boʻlmish miltiq-tigʻlarni qayirib-qayirib oldinlaydi.

Nuroniy chol generalni koʻzlab keladi. Nuroniy chol general etigiga kaft qoʻyadi.

General Skobelev etigi bilan nuroniy chol iyak-soqolidan itarib tashlaydi.
— Yoʻqol, sart-sobaka, etigimni harom etasan! — deydi general Skobelev. — Men, sen sart-sobakalarni etigim poshnasiga olmayman!

Nuroniy chol dalbanglab-dalbanglab boradi-boradi — keti bilan oʻtirib qoladi.
— Kapitan Kayshovskiy! — yoʻqlaydi general. — Kayshovskiy deyman! Manavi qari sart-sobaka kim boʻldi?

Kayshovskiy hadahalab-hadahalab boradi. General Skobelev uzangisi oldida mulla mushuk boʻladi.
— Umarxon eshon, janobi oliylari, Umarxon eshon! —deydi.
— Eshon tugul, — deydi general Skobelev. — Muhamad Paygʻambar boʻlsayam, etigim poshnasiga olmayman!
— Ajab qilasiz, janobi oliylari, xoʻp ajab qilasiz!
— Soʻrangiz, qari sart-sobaka nima maqsadda etigimga osiladi?

Kayshovskiy Umarxon eshonni general Skobelev uzangisi qoshida betma-bet etadi.
— Ha-a, eshon? — deya zugʻumlaydi general. — Nima deysan?

Umarxon eshon qalt-qalt etadi. Umarxon eshon duduqlana-duduqlana aytadi:
— Taqsir... — deydi, — taqsir, men bir kam saksonda boʻldim...
— Aql yoshda emas, aql boshda, eshon! — deydi general Skobelev. — Men oʻttiz yoshimda Xivani tiz choʻktirdim! Mana, oʻttiz ikki yoshimda Qoʻqonni tariqday tirqiratdim! Saksonni urib qoʻyib, sen nimani qotirding?
— Ofarin, taqsir, ofarin, oʻttizida er atangan, qirqida sher atanar, deydilar. Taqsir, men bir kam saksonda...
— Masala ravshan boʻldi: sakson yoshimni hurmat et, demoqchisan-da? Eshon, tuzemetslar oʻzidan bir yosh katta boʻlsayam hurmatini bajo etadi. Bobo, deydi, momo, deydi. Opa, deydi, aka, deydi. Tuzemetslar oʻzidan bir yosh katta boʻlsayam siz-sizlab murojaat etadi. Tuzemetslar oʻzidan yoshi kattalarga qoʻlini koʻksiga qoʻyib salom beradi, yoʻl beradi, joy beradi. Eshon, biz Ulugʻ Oʻrusiyamiz! Ulugʻ Oʻrusiya yosh bilan qarini bilmaydi! U oʻz oti oʻzi bilan — Ulugʻ Oʻrusiya! Boʻldi, endi tuzemetscha urf-odatlaringni yoʻq etamiz! Endi Ulugʻ Oʻrusiya urf-odatlarini qabul etasan!
— Taqsir, men yoshimni peshlamoqchi emas edim. Men... sakson yoshli bir moʻysafid, kalom uchun ijozat tilamoqchi edim.
— Ijozat, aytingiz!
— Taqsir... Siz toʻpga tutajak dargoh masjid...
— Masjid boʻlsa nima boʻpti?
— Masjid Xudoi taolo dargohidur, taqsir. Xudoi taolo dargohidur.
— Ol-a, eshon, ol-a! Islom dini Turkistonga VIII asrda keldi, VIII asrda! Islom Turkistonda oʻn asrdan ziyod hukmronlik qildi, oʻn asrdan ziyod! Boʻldi, yetar endi! Endi Ulugʻ Oʻrusiya hukmronlik qiladi, Ulugʻ Oʻrusiya! Ulugʻ Oʻrusiya Moliya vaziri Vishnegorodskiy janoblari nuqtadonlik ila bashorat etganlariday, Turkiston — Oʻrusiya tojidagi oliy qimmat dur boʻladi! XIX asr — Ulugʻ Oʻrusiya asri boʻladi!
— Qadamlariga hasanot, taqsir, qadamlariga hasanot. Ammo-lekin masjidimizni toʻpon etsalar, moʻmin-musulmonlar qaerda fasohat ham balogʻat sabogʻin oladurlar, taqsir?
— Oʻris-tuzem maktablarida saboq olasan! Peterburgdan missioner Ostroumov janoblari kelmoqdalar! Missioner Ostroumov! Ostroumov demak — nima demak, bilasanmi? Ostroumov janoblari oʻz otlari oʻzlari bilan oʻtkir aql sohibi! Oʻtkir aql sohibi Ostroumov oʻris-tuzem maktablari dasturil-amalini tuzmoqdalar! Janob Ostroumov halizamon oʻz dasturilamali bilan kelib qoladilar! Turkistonda oʻris-tuzem maktablari ochadilar! Sen endi oʻris-tuzem maktablarida Ulugʻ Oʻris imlosini oʻqiysan! Sart-sobakacha itdum imlongni yondirib tashlaymiz! Turkiy tillarni yoʻq etib tashlaymiz!

— Bajonidil, taqsir, bajonidil, Oqposhsho hazratlari rushdu hidoyat etsalar, oʻqurmiz. Ammo-lekin moʻmin-musulmonlar masjidida nafaqat saboq oladurlar...
— Bilaman, eshon, bilaman! — choʻrt boʻladi general. — Endi... cherkovda toat-ibodat etasan! Masjidlarni yoʻq etamiz — cherkovlar quramiz! Ana, Toʻxtamishxon noʻgʻaylari! Noʻgʻaylar Ulugʻ Oʻris cherkovlarida choʻqinmoqda! Boʻlmasa, kimsan Toʻxtamishxon avlodlari! Endi seni choʻqintiramiz!
— Bajonidil, taqsir, bajonidil. Oqposhsho hazratlari azmu ixtiyor aylaganlariday boʻla qolsin. Ammo-lekin ahli xalq koʻzida Xudoi taolo dargohvni toʻpga tutsalar, xalq qargʻaydur, taqsir, xalq qargʻaydur.
— Xalq?!
— Shunday, taqoir, shunday. Xalq qoʻllasa — bor boʻladur, xalq qargʻasa — xor boʻladur.
— Qanaqa xalq?!
— Ul moʻlt-moʻlt qora koʻzlar oti — xalqdur, taqsir. Xalq bor — haq bor.

General Skobelev dimoq-dimogʻida kuladi.
— Ol-a, eshon, ol-a! — deydi. — Bular poda, eshon, poda! Bular oldin podadan odamga aylanmogʻi lozim boʻladi! Odamdan olomonga aylanmogʻi lozim boʻladi! Olomondan esa, xalqqa aylanmogʻi lozim boʻladi! Demak, bular xalq boʻlish uchun ikkita-uchta bosqichni bosib oʻtmoqlari darkor boʻladi! Bilasanmi, eshon, Ulugʻ Oʻrusiya nima uchun yovvoyidan-yovvoyi Osiyoga tashrif buyurdi? Manavi sart-sobakalarni odamga aylantirish uchun tashrif buyurdi! Ulugʻ Oʻrusiya oldida sart-sobakadan inson yaratishday bashariy ham savob ish turibdi! Ulugʻ Oʻrusiya saltanati — xaloskor saltanat!

General Skobelev karillaydi-karillaydi — tizzasi bilan otini niqtaydi. Umarxon eshondan besh-olti odim olislab oyoq iladi.
— Otishga shaylansin! — deydi. — Yotilsin! Namoz oʻqilsin!

Nogʻorachilar bodratib-bodratib nogʻora chaladi.
— Otilsin!

Xudodargoh kunpayakun boʻladi.

14

Bobomiz togʻda dala tanlaydi-tanlaydi — binoyiday dala topolmaydi.

Bari yer ketmon koʻrmagan yer boʻladi.

Shunda, Qurbon qoraqirgʻiz oʻz dalasini beradi.
— Ana, ol, oʻzbak, — deydi Qurbon. — Qoraqirgʻizda dala boʻlmaydi. Dala oʻzbakda boʻladi. Qoraqirgʻizda mol boʻladi. Qoraqirgʻiz qir-adirda mol boqadi. Oʻzbak dasht-dalada ekin ekadi.

Bobomiz Qurbon qoraqirgʻizni quruq qoʻymayin deya, qoʻyin kovlaydi.

Qurbon qoraqirgʻiz bobomiz bilagidan ushlaydi.
— Tek oʻtir, oʻzbak, tek oʻtir, — deydi. — Oʻzbak qoʻynida boʻldi nima, qoraqirgʻiz qoʻynida boʻldi nima.

15

Bobomiz uzun kun ketmon chopadi. «Boʻldi, endi Oqiodsho yoʻq boʻldi». Bobomiz ana shunday ishonch bilan ketmon chopadi. Bobomiz olam bexabar boʻladi.

16

Oqpodsho qadamba-qadam koʻradi. Adirma-adir koʻradi. Qirma-qir koʻradi.

Togʻlab-togʻlab koʻradi.

Oxir-oqibat — bobomiz dalasini topib keladi.

Bobomiz alang-jalang boʻlib qoladi. Bobomiz dovdirab-dovdirab qoladi.

Ammo sir boy bermaydi. Mezbon misol bosh irgʻab tura beradi. Mezbon misol qoʻl qovushtirib tura beradi.
— Oting Jamoliddin ketmon-a? — deydi Oqpodsho.

Bobomiz ha, deyishini-da bilmaydi, yoʻq, deyishini-da bilmaydi.

Oqpodsho bobomiz qoʻllarini ketiga qayirib boylaydi.

Ana shunda bobomiz Oqpodsho ketida turmish Xoliqul mingboshi tilmochini tanib qoladi. Tayin, meni shu Ashal noʻgʻay ushlab berdiyov, deya oʻylaydi.
— Senga nima edi, noʻgʻay? — deydi bobomiz. — Sen toʻqqiz qaytganga nima edi?
— Men bir tilmochman, Ketmon, qul tilmochman.
— Shu kuningdan koʻra, ket yurtingga, toʻqqiz qaytgan, ket!
— Qozon Fargʻonadan-da qul, Ketmon. Oqpodsho bobomiz ketidan miltiq oʻqtalib-oʻqtalib yuradi.

Bobomiz shudgor oralab yuradi.

Oqpodsho-da shudgor oralaydi.

Ana shunda bobomiz bardoshi dosh berolmaydi. Gʻazabnok qayrilib qaraydi.
— Ay, kofir! — deydi. — Bir dalamni harom qilding! Endi bu dalamni-da bulgʻama!
— Nima-nima?
— Dalamni qadamlab bulgʻama, deyman! Oqpodsho angrayadi-angrayadi — bir nima-da anglamaydi. Yer angrayib qaraydi. Yerda tuproqdan boshqa nima topolmaydi.

Oqpodsho yerdan bir siqim tuproq oladi.
— Ana tuproq, mana tuproq! — deydi. — Boʻrsildoq tuproq, magʻizdor tuproq, hosildor tuproq! Tuproqmisan-tuproq! Ammo bu tuproq seniki emas, chuchela, sening tuprogʻing emas!

Bobomiz koʻngli bir uvishib oladi.

«Oqposhsho bilibdi, Qurbon qoraqirgʻiz dalasiligini bilib qolibdi, — deya xayollanadi. — Birovning moli mol boʻlmaydi deb shuni aytadilar-da».

Shunday boʻlsa-da, bobomiz qoʻrqqan oldin musht koʻtarar qiladi:
— Meniki boʻlmay, kimniki boʻladi? — deydi.
— Bu tuproq...

Oqpodsho gapini topolmay qoladi. Ketiga qayrilib qaraydi. Barmoqlarini qirs-qirs oʻynatib, yoʻldoshidan soʻraydi:
— Duxovskiy, kunpayakun masjid oldida general Skobelev janoblari bir balo vazir deyatib edilar...
— Esimda yoʻq, Nazarov, esimda yoʻq, — deya yelka qisadi yoʻldoshi. — Ha, oʻsha-da! Poshsho hazratlari aytdi, deb qoʻyaver. Bu chuchelalar nimani biladi.
— Oʻzi... poshsho kattami, vazir kattami?
— General Skobelev janoblari aytgan boʻlsalar, albatta vazir katta-da!

Oqpodsho tagʻin bobomiz bilan yuzma-yuz boʻladi. Salmoqlab-salmoqlab bayon etadi:
— Gap loʻndasi... Shvetsiya vaziri Falonchiev janoblari aytganlariday, bu tuproq Oʻrusiya tojidagi oliy qimmat dur, ha, dur! Aslo, aslo sening tuprogʻing emas!
— Labbay-labbay?
— Sen bunday qaymoq tuproqqa yarashmaysan!
— Nima-nima?
— Chunki sen chuchelasan, chuchela!
— Sart-sobakasan, sart-sobaka!
— Biz sen sart-sobakalarni Oʻrusiyaga joʻnatamiz!
— Oʻrusiyada sening basharangday qoratuproq bor. Sen ana oʻsha qoratuproqqa yarashasan!
— Qoratuproq — sart-sobaka... Sart-sobaka — qoratuproq... Juda hamohang!
— Oʻzi, bu chuchelalar qanday qilib bunday qaymoq tuproqda yaralib qoldi, Duxovskiy?
— Aytgiligi yoʻq, Nazarov, aytgiligi yoʻq. Shunday tuproqda shunday sart-sobakalarni yaratgan xudogayam qoyil emasman.
— Qoʻyaver, Duxovskiy, bu tuproqqa endi Ulugʻ Oʻris xalqi keladi!
— Bilaman, Samaradan ikki yuzta oʻris mujik koʻchib keladi.
— Bizning Saratovdan bir yuz ellikta oʻris mujik keladi.
— Mujiklarimiz hademay poezddan tushadi!
— Endi bu qaymoq tuproqda Ulugʻ Oʻris xalqi dehqonchilik qiladi!

Bobomiz nafasi ichiga tushib ketadi. Bobomiz gʻaribona-gʻaribona qadamlaydi.
— Jamoliddin ketmon, namozingni oʻqib olasan-a? — deydi Ashal noʻgʻay. — Peshin namozingni oʻqib olasan-a?

Ashal noʻgʻay bosh irgʻay-irgʻay shunday deydi. Ashal noʻgʻay bot-bot shunday deydi.

Ashal noʻgʻay Oqpodshoga yuz soladi.
— Bir moʻmin banda namozini oʻqib olsin? — deydi.
— Hayda-hayda! — deya jerkiydi Oqpodsho.
— Kunpayakun masjid joyida cherkov poydevorini tashladik. Cherkov bitsin, cherkovda namoz oʻqiydi! — deydi Oqpodsho.
— Toat-ibodatni qanda qilish yomon, — deya sargʻayadi Ashal noʻgʻay. — Xudo yoʻlda biror kor-holga giriftor etadi.

Oqpodsho sergaklanadi. Oqpodsho tevarak-boshga nazarlanadi. Oqpodsho hadiklanadi.
— Mayli, xudo yoʻlida boʻlsa, mayli, — deydi Oqpodsho.
— Xudo yoʻlida qoʻllarini bir boʻshatib oling, — deydi Ashal noʻgʻay. — Qoʻlsiz namoz oʻqib boʻlmaydi.

Oqpodsho bobomiz qoʻllarini ozod etadi. Bobomiz obtovadan tahorat oladi. Bobomiz qibla taraf belbogʻ yoyadi.

17

Oqpodsho yongʻoq ostilab soyalaydi.

Miltiqlari oʻnglarida turadi. Bosh kiyimlari chaplarida turadi.

Oqpodsho bobomizdan koʻz uzmay soyalaydi.

Ashal noʻgʻay bir bobomizga qaraydi, bir Oqpodshoga qaraydi. Qamzulini ola-ola, bobomiz taraf odimlaydi.
— Ha, yoʻl boʻlsin, noʻgʻay? — deydi Oqpodsho.
— Men ham namozimni oʻqib olayin, janoblar, — deydi Ashal noʻgʻay.
— Sen choʻqintirilmaganmisan?
— Xudoga ming qatla shukur, musulmon farzandiman.

Ashal noʻgʻay bobomiz qabatidan kamzul toʻshaydi. «Ollohu akbar»... deya, quloq qoqib boshlaydi.

Bir soʻz namozdan boʻladi, bir soʻz amaldan boʻladi:
— Quloq sol, Ketmon, quloq sol, — deydi. — Oqpodsho mulla Namoz bilan muhorabachilarni qidirmoqda.
— Meni kim aytdi?
— Birov aytmadi. Oqpodsho erkak zotini ushlab qamayapti.
— Qamasa-qamar.
— Oqposhsho osiy bandalarni osib oʻldirmoqqa hukm qildi. Ibrat boʻlsin uchun butun xalq oldida osadilar. Bitta shahid oʻris joni uchun oʻnta oʻzbakni osadilar. Alhol, senga-da shul hukm joriy etiladi.
— Mening qoʻlim qon emas.
— Unda, Oʻrusiyaga surgun etadilar. Hali, anavilar seni qoratuproqqa joʻnatamiz, deydilar. Shu gapda jon boʻladi. Ikki yuzdan oshiq zabardast oʻzbakni ichkari Oʻrusiyaga surgun etadilar.

Bir soʻz namozdan boʻla beradi, bir soʻz amaldan boʻla beradi:
— Endi men nima qilayin?
— Qoch.
— Bola-chaqamni tashlab qayoqqa qochaman?
— Boshing oqqan tarafga qoch.
— Anavilar koʻz uzmaydi, qanday qilib qochamane
— Oʻzingni soyga ot. Joyingdan turma-da, soy tubigacha yumalab-yumalab bor. Bet-boshing yoriladi, oyoq-qoʻling lat yeydi. Alhol, omon qolasan. Boʻl-boʻl.

Bobomiz birdan soy taraf chopadi. Misoli suvga kalla qilmishday — oʻzini soyga otadi. Oqpodsho hayallab keladi.
— Toʻxta, otaman, toʻxta! — deydi.

Oqpodsho qasur-qusur yumalamish toshlarni koʻzlab miltiq boʻshatadi.

Oqpodsho soy yoqalab chopadi-chopadi — soy enajak soʻqmoq topolmaydi.

Bobomiz toshlar bilan yumalaydi-yumalaydi — yovvoyi bodomlar aro gʻoyib boʻladi.

18

Bobomiz togʻ yonalab enadi-enadi — Isfarada manzil oladi.

Isfarada-da Oqpodsho boʻladi.

Fargʻona bobomizga torlik qilib qoladi.

Bobomiz Oqpodsho yoʻq yurt izlab yuradi-yuradi — Dushanba keladi.

«Tili boshqa aslo el boʻlmaydi».

Bobomiz ana shunday oʻy bilan tagʻin yoʻl oladi.

Yuradi-yuradi — Denov keladi.

Denov bekligi Buxoro amirligida boʻladi.

Bobomiz Denovni makon etadi.

Kuzi bilan mardikorlik qiladi.

Qishda odam yollaydi— Fargʻonadan bola-baqrasini oldirib keladi.

19

Bobomiz bola-baqrasi omon-eson Denovlab keladi.

Aybi — toʻngʻich oʻgʻli bir boshqa boʻlib keladi.

Ana shu toʻngʻich oʻgʻil Aqrab bizning otamiz boʻladi.

20

Otamiz qoq tunda toʻshakdan turib ketadi. Soya-sharpasiz tashqarilaydi. Gap-soʻzsiz tashqarilaydi.

Zim-ziyo supada qoʻl ket etib turadi. Tevarakka oqposhshona-oqposhshona boqib soʻzlaydi:
— Sartlar! — deydi.

Oyoqlari ostida yotmish kosovni miltiq qilib peshlaydi. Miltiq peshlab-peshlab odamlaydi.
— Chuchelalar! — deydi.

Hovlini aylanadi-aylanadi — narvondan tomlaydi.

Tomda qishloq uzra miltiq oʻqtalib-oʻqtalib turadi.
— Yotilsin! — deydi. Qishloqdan itlar huradi.

Otamiz it hurmish tarafga miltiq oʻqtaladi.
— Oʻchir, sart-sobaka, oʻchir! — deydi.

Qiblada oy bir oqarish beradi, bir qorayish beradi.

Otamiz oqarish bermish oyga miltiq oʻqtaladi.
— Yoʻqol, sart-sobaka, yoʻqol! — deydi.

21

Bobomiz tashqaridan eshitilmish ovozdan uygʻonadi.

Qabatini paypaslaydi. Nima gapligini payqaydi. Sapchib tashqarilaydi.

Bobomiz supada haykal misol qotadi.

Oshxona taraf quloq tutadi. Darvoza taraf quloq tutadi. Molxona taraf quloq tutadi.

Ovoz qaerdan kelayapti — bilolmaydi.

Oy qorayish beradi.

Otamiz qorayish bermish oyga miltiq oʻqtaladi.
— Otilsin! — deydi.

Otamiz: «pup-pup-pup», deya, kosovdan toʻp otadi.

Bobomiz ana shunda otamiz qaerdaligini bilib oladi.

Oyoq uchida narvonni topib oladi. Ohista-ohista tomlaydi.

Tomda oʻrmalab boradi-oʻrmalab boradi —otamiz ketidan mahkam quchoqlab oladi.

Otamiz tom tashlab-tom tashlab yigʻlaydi. Otamiz oyoq tirab-oyoq tirab yigʻlaydi.

Bobomiz otamizni tomdan koʻtarib tushiradi.

22

Otamiz esini tanigunichayin tomma-tom yuradi.

Ikkinchi bob

1

Men Surxoni Aqrab qoʻligul oʻgʻli boʻlaman.

2

Otamiz qadamish choʻp nihol boʻladi. Otamiz qaramish daraxt shigʻil-shigʻil boʻladi. Otamiz kesmish tok shokila-shokila boʻladi. Otamiz qirqmish gul shoda-shoda boʻladi.
— Ming qilsa-da, otasi fargʻonachi-da, fargʻona-chi! — deydi el.

3

Bir erta Abil jarchi koʻchama-koʻcha jar soladi:
— ...Barcha-barcha hovuz boʻylab borsin! Yoʻqsillar hukumati bilan koʻrishuv boʻladi!
— Yuvuqsizlar hukumati deydimi? — deydi onamiz.

Otamiz onamizdan betini burib-burib kuladi.
— Dehqonqul! — deydi otamiz. — Yuvuqsizlar hukumati desang-da boʻladi, Shoʻrolar hukumati desang-da boʻladi!

Bizning Surxon tarafda xoʻjalar bekalar otini atamaydi. Bekalar-da xoʻjalar otini atamaydi. Bir-birlarini yo qizlari oti bilan ataydi, yo oʻgʻillari oti bilan ataydi.

Otamiz bilan onamiz bir-birlarini mening otim bilan ataydi.
— Barcha boradimi, Dehqonqul? — deydi onamiz.
— Yoʻq! Kattalar boradi. Shoʻrolar maydalar bilan gapirishmaydi.
— Ana, eshitding-a? — deydi onamiz. Shunday boʻlsa-da, men otamiz ketidan iyaraman.

Otamiz meni jerkib-jerkib darvozada qoldiradi.

Men darvoza suyanib oʻtiraman. Otamiz yoʻlini qarayman.

Otamiz tushlarda qaytadi.

Men otamiz qoʻlidan ushlab tortaman.
— Ayting, Shoʻro qanday odam, ayting! — deyman. Otamiz qoboq uyub ichkarilaydi. Telpagini tastillatib koʻrpacha uradi. Bolish yonboshlab ich tortadi. Ship tikilib uh tortadi.

Men otamiz pinjiga kiraman. Men otamiz belbogʻidan tortaman.
— Ota, ayting! — deyman.
— E, oʻchir-e, enagʻar! — deydi otamiz. — Endi sen qoldingmi, kallani garang qilmagan?

Men otamiz pinjida yota beraman. Shunda, onamiz ichkarilaydi.
— Qani, gapirsin qani, — deydi onamiz. Otamiz tagʻin miq etmaydi.
— Gapirsin-da endi, yuvuqsizlar hukumati qandaychikin odam ekan, gapirsin-da endi.

4

Shu kundan e'tiboran otamiz bir boshqa boʻladi-qoladi.

Bir mahalgachayin uxlamaydi. Hovli aylanib-aylanib yuradi. Koʻcha devor moʻralab-moʻralab yuradi.

Yotsa-da, uyqusida gapirib-gapirib yotadi:
— Qizil, ket qizil!.. — deydi.

Onamiz otamiz holidan qaygʻuda qoladi. Yengiga pul qistiradi. Folchiga yoʻl oladi.
— Erkagingiz ya'juj-ma'jujga yoʻliqibdi! — deydi Jarqin folchi— Ya'juj-ma'juj boʻlgandayam, ulay-bulay emas! Qip-qizil ya'juj-ma'juj. Qizil ya'juj-ma'jujga qizil tovuq soʻyinglar!

5

Qizillar qulogʻi qirqta boʻladi!

6

Kechasi bilan uchta Qizil kirib keladi.
— Hali, qizillarni daf etish uchun qizil tovuq soʻyar boʻldingmi?.. — deydi.

Qizillar otamizni oldiga solib ketadi. Men otamiz ketidan ergashaman. Onamiz qoʻlimdan tortib qoladi.

7

Otamiz uch kundan keyin qaytib keladi.

Odaticha — etigi poylarini qoʻli bilan sugʻurmaydi.

Oʻng oyogʻini bir taraf silkiydi — oʻng poyi oʻsha taraf borib tushadi.

Chap oyogʻini bir taraf silkiydi — chap poyi sandiq ostiga borib tushadi.

Paytavalari chuvalab-chuvalab qoladi.

Koʻksi bilan koʻrpacha tashlaydi. Bolish quchoqlaydi. Betlarini bolish botiradi.
— Bir joyi ogʻriyaptimi? — deydi onamiz.
— Dehqonqul! Men senga aytib edim-ku, qizillar el boʻlmaydi, deb. Enagʻarlar meni Yurchiga olib bordi. Yurchining qoʻrgʻonida qarorgohi bor ekan. Oqchurin degich kattasi bir tergamoqlik qildi-e, bir tergamoqlik qildi-e! Qizillar sha'niga tagʻin bir yomon gap qilsang, Sibir surgun boʻlasan, dedi. Bir-ikkita qogʻozga barmoq bostirib oldi.
— Sibiri qaerda boʻldi?
— Kim biladi, qaerda boʻldi.

Men otamiz etiklarini terib-terib olaman. Boʻsagʻada juft-juftlab qoʻyaman. Paytavalarini yigʻib-yigib olaman. Etiklariga oʻrab-oʻrab solaman.
— Dehqonqul! — deydi otamiz. — Endi qizillar meni qoʻymaydi.
— Endi qaytadi, Dehqonqul?
— Endi ketaman. Yomondan qoch-da qutul, yo, ton-da qutul, deydi.

Otamiz bir kechada yoʻqoladi-qoladi.

8

Men tagʻin otamizni qidiraman.
— Otang bozor ketdi, keladi, — deydi onamiz. Men endi onamiz ketidan iyaraman. Onamiz bir odim bossa-da, ketidan boraman.

Onamiz hovuz boradi. Hovuz boʻyida ayollar bilan gurunglashadi.

Ayollar biri qoʻyib biri aytadi.
— Burnogʻi kecha tegirmon oldida ikkita Qizilni boʻgʻizlab ketibdi.
— Ikkita-da gapmi, Hayitkalni jarida besh-oltitasini otib ketibdi.
— Hay, bir zamonlar boʻlayapti-da.

Onamiz koʻzasini suv botirib oladi. Koʻza yelkalab qaytadi. Yoʻlda koʻza qoʻyib dam oladi. Men yoʻl bosh-adoq olazarak boʻlaman.
— Otam qani... — deya ingillayman. Toʻlib-toshib turmish onamiz choʻrt yoriladi:
— Ishtonimni ichida! Eshitdingmi? — deydi. — Manavi ishtonimni ichida!

Men mana boʻlmasam deyman-da, koʻzadagi suvga tupurib qochaman.

Onamiz ketimdan tosh otib qoladi.
— Ha, oshingni yeyin sen tentakni, oshginangni yeyin! — deydi.

Onamiz suvni toʻkib tashlaydi. Tagʻin hovuz yoʻl oladi.

9

Onamnz meni qargʻab-qargʻab yotqizadi.

Men onamiz roʻmolini tortqilay-tortqilay uxlab qolaman.

Bir mahal eshigimiz gʻijir-gʻijir ochilib yopiladi.

Men koʻzimni ochgani erinaman. Onamiz tashqarilayapti, deya oʻylayman.

Oʻn besh-yigirma kunda bir bor shunday boʻladi.

Bir safarida uyqum kelmayin yotaman.

Onamiz ohista-ohista toʻshakdan turadi. Onamiz oyoq uchida-oyoq uchida ayvonlaydi.

Ayvon tarafdan shivir-shivir eshitaman. Shivir-shivirda meni otim-da boʻladi.

Gap-soʻzlarni alayna-alayna eshitolmayman. Ammo-lekin koʻnglim tuyadi: ana shu shivir-shivirchi otamiz boʻladi!
— Ota, ota! — deya lik etib turaman. Onamiz ila-chila qaytadi.
— Ha, nima, nima? — deydi. — Ota? Qani ota? Nima balo, elovrayapsanmi? Yot, uxla, yot!

Onamiz boshimni silay-silay ketadi. Onamiz boshimga koʻrpani torta-torta ketadi.

Men tagʻin koʻrpadan boshimni olaman. Koʻzlarimni katta-katta ochaman. Pichir-pichir eshitaman.
— Meni qizillar yoʻqlamayaptimi?
— Yoʻgʻ-a.
— Yoʻqlasa, toqqa oʻtinga ketib edi, de.
— Oʻzi qaerda yuribdi?
— Ishing boʻlmasin.
— Nimaga ishim boʻlmaydi? Oʻlik-tirigini bilayin-da.
— Hayitkalni jarida yotibmiz.
— Jarda yotadi?
— Aslida, togʻda yotamiz. Jarga kechasi kelamiz.
— Togʻ qaerda, Hayitkalni jari qaerda.
— Otni oldida nima degich gap. Togʻdan Hayrondara enamiz. Hayrondaradan keyin Hayitkalni jari-da.
— Bir oʻzimi?
— Bir oʻzim qayoqda — oʻnta jigit. Oʻzimizdan Rashid bor. Boshqalari boshqa qishloqdan. Hali tagʻin koʻpayamiz. Tevarak qishloqlardan jigitlar kelib qoʻshilayapti.
— Kechasi Hayitkalni jarida nima qiladi-a? Uyginasida, bola-baqraginasi oldiginasida yotsa boʻlmaydimi-a?
— Dehqonqul! Sen nimani bilasan? Biz el-yurt uchun olishayapmiz. Birovi-da Hayitkalni jaridan tirik oʻtolmayapti. Oʻtganini-da koʻraman!
— Kimni aytayapti?
— Qizillarni-da, kimni boʻlardi.
— Qizillar Hayitkalni jaridan oʻtadimi?
— Esa-chi. Denovdan Xoʻjasoatga kelgich yoʻl Hayitkalni jaridan oʻtadi-da. Boshqa ioʻl yoʻq. Shu jarda Qizilman, degichini qoniga belayapmiz.
— Koʻziga qarasin-da, qizillarda miltiq bor, deyishadi.
— Miltiq bizda-da bor. Bir kechasi beshta Qizilni oʻldirib, pulemyotini-da olib oldik.
— Ishqilib, koʻziga qarasin, deyman-da.
— Dehqonqul! Koʻzimga qarasam-qaramasam, Qizil zotini enasini jabduqlayman!
— Koʻp katta ketmasin.
— Dehqonqul! Katta ketsam-ketmasam, qishlogʻimizga oʻris zotini yonashtirmayman!

Pichir-pichir eshita berib koʻzim ketadi.

10

Tonglay ayvon qarayman.

Ayvonda koʻrpa-toʻshak boʻladi — otamiz yoʻq boʻladi.

Men yer tepib-er tepib ingillayman. Men yer yumalab-er yumalab ingillayman.

Onamiz yengimdan olib turgʻizadi.
— Jelakni kir qilding, qirgʻinni oldida qirilib ketgur! — deydi. — Yoʻq otani qaerdan topaman? Sendan ota qarzim bormi?

Men oshxona chopaman. Suv toʻla koʻzalarga tupurib-tupurib qochaman.

Ketimdan otilmish kosov darvoza taraqlab tegadi.

11

Otamiz qachon keladi, deb kun sanayman.

Kun sanay berib, barmoqlarim taqchil boʻlib qoladi.

Kun sanay berib, kaftlarim barmoqlarim bilan toʻlib qoladi.

12

— Boʻldi, endi qaytib kelsin. Anavi Dehqonquli bezorijonimni chiqardi, — deya pichirlaydi onamiz.
— Bola bola-da, — deydi otamiz.
— Ayollar, erkagingiz bosmachi boʻp ketibdi, shu chinmi, deydi.
— Dehqonqul! Bosmachi demanglar. Necha marta aytaman, bosmachi demanglar deb.
— Bari ayol shunday deydi.
— Desa deya beradi-da. Bosmachi boʻlib, qaysi yurtni bosib olibmiz? Bosmachi boʻlib, qaysi elni talon-toroj etibmiz? Dehqonqul! Bosmachi degich gapni ular oʻylab topdilar.
— Kimlar?
— Kimlar boʻlardi — qizillar-da. Kimlar boʻlardi — padar la'nat choʻchqalar-da. Choʻchqalar oʻzlari yurtimizga bostirib keldi. Yana tagʻin, bizni bosmachi deb atadi. Padar la'nat choʻchqalar oʻzlarini yorliqlarini bizning peshonamizga yopishtirdi.
— Unda, bu kishi kim boʻldi?
— Mujohid! Bildingmi? Mujohid!
— U nima degani boʻldi?
— Mujohid el-yurt uchun jihod etuvchi odam boʻladi. El-yurt yoʻlida shahid boʻlish uchun shay odam boʻladi.
— Kim biladi, Dehqonqul, el-yurt shunday deyapti-da.
— Dehqonqul! El-yurt qizillar igʻvosiga uchmasin. Men qizillarni bitta qoʻymay qiraman. Omon qolmish Qizilni qaerdan kelgan boʻlsa — oʻsha yoqqa qaytarib haydayman. El-yurt ana oʻshanda biladi— mujohid kim, bosmachi kim ekanini. Botar kunni otar tongi boʻladi.

13

Bir oqshom darvozamizda uchta odam qora beradi. Odamlar ostonamizda alang-jalang boʻlib turadi.

Onamiz bet bekitib-bet bekitib peshvoz boradi.
— Qani u, tuzemets? — deydi birovi. Onamiz anglamaydi — yer boqib tura beradi.
— Men sen churkadan soʻrayapman?
— Qani u, tuzemets, churka?
— Kim-kim? — deydi onamiz.
— Bosmachi ering qani, deyapman?

Onamiz ana shunda anglaydi. Xiyol yuz ochadi.
— Ha-a, otasimi? — deydi. — Otasi togʻlab ketib edi.
— Qachon keladi, tuzemets, churka?
— Oʻtin terib boʻlsa, keladi-da. Keluvchilar ket qayriladi.
— Oʻzi bir tuzemets churka boʻlsa, yana tagʻin betini bekitadi-ya! — deydi.

14

— Kelgichlar birovi Normurod faol boʻldi.
— Dehqonqul! Shu enagʻarga aytib qoʻy, qadamini tortsa tortdi, tortmasa, oʻz qoʻlim bilan kallasini olaman.
— Oʻzi, qizillar qachon ketar emish?
— Dehqonqul! Qizillar ketmaydi, haydamasa ketmaydi. Ketmasa, oʻzlarini shoʻri. Bari Qizilni tutday toʻkaman. Qizillar oʻligini gʻojirlarga yem qilaman.
— Bir Rashid bosmachi bilan ikkovini qoʻlidan nima keladi.
— Dehqonqul! Necha marotaba aytaman, bosmachi dema deb. Bosmachilar ana — qizillar!
— Bari shunday deyapti-da, menda nima ayb.
— Bari aytsa-da, sen aytma. Chin, bizning qishloqdan Rashid ikkovimiz, chin. Biz nima qilaylik, bari din-imonini sotayapti. Birovi Shoʻro boʻlayapti, birovi firqa boʻlayapti, birovi hosilot boʻlayapti. Dehqonqul! Men ularni jigit sanamayman, Yoʻq, jigit sanamayman. Gapni oʻroli keldi, aytayin... Ular xunasa! Ha, xunasa!
— Shunday deyishga uyalmaydimi?
— Boʻlmasa, nima deyin? Kofir deyin desam — bari oʻzbak boʻzbolalar. Oʻzbak deyin desam — bari kofirlar yoʻlidan yuribdi. Musulmon boʻp — musulmon emas, kofir boʻp — kofir emas. Bundaychiminlarni kim deydi? Xunasa deydi-da!

15

— Bu safar hayallab qoldi?
— Koʻlobda boʻldik. Ibrohimbek qoʻrboshi hazratlari qoʻlida mashq oldik.
— U kishi kim boʻldi?
— U kishi islom lashkari sorboni boʻladilar.

Ibrohimbek hazratlarini qoʻrboshimiz desak-da boʻladi, amirimiz desak-da boʻladi. Boisi, amirimiz oʻz joylariga Ibrohimbek hazratlarimizni tayinlabdilar-da, oʻzlari Afgʻoniston sari siporish beribdilar. Xudo xohlasa, Ibrohimbek hazratimiz sorbonligida bari oʻrisni bitta qoʻymayin qiramiz.
— Koʻlobga bir oʻzi bordimi?
— Yoʻq! Elliktacha jigit boʻlib bordik. Ibrohimbek hazratimiz qarorgohida turkiy lashkarboshilar mashq berdi. Ay, bir barlos jigitlar mashq olayapti, ay, bir barlos jigitlar mashq olayapti! Jigit emas — lochin, lochin! Ibrohimbek hazratimiz barloslari olsa oladi — aslo oldirmaydi!

16

Tagʻin kun sanayman.

Tagʻin barmoqlarim taqchil boʻlib qoladi. Tagʻin kaftlarim barmoqlarim bilan toʻlib qoladi.

17

Tunlardan bir tun tashqarida tapur-tupur boʻladi.

Amrlar eshitiladi:
— Qimirlama, otaman!
— Qaddingni koʻtar!
— Qoʻlingni ber!
— Tipirchilama!

Shunda, otamiz ovozi-da keladi:
— Rashid aytdi-ya, shu kecha uyingga borma, dedi-ya! Rashidni gapini olmadim-a, ay, attang-a!

Onamiz otilib tashqarilaydi. Ovoz berib yigʻlaydi.
— Ey, mocha! — deydi birov. — Oʻchir, boʻlmasa seniyam boylaymiz!

Haminqadar tala-toʻp boʻladi. Haminqadar doʻq-zugʻum boʻladi.

Tashqari birdan yorishadi.

Men ana shunda tashqarilayman.

Tashqarida qoʻsha fonus yonadi.

Qoʻllari qulligʻlik otamiz supada yotadi. Bet-boshi qon otamiz gʻujanak yotadi.
— Uspenskiy, Poltoratskiy! Otni olib kelinglar! — deydi birov.

Bir fonuslik chopqillaydi. Koʻchadan ot yetaklab keladi. Supa oldida bel qiladi.

Amr etuvchi otamiz boʻynidan egar qoshiga arqonlaydi.
— Hayda! — deydi. Ot koʻcha yoʻl oladi.

Otamiz ot ketidan oyoq tirab-tirab odimlaydi. Oʻzini ketiga tashlab-tashlab odimlaydi.

Devor suyanib turmish onamiz tagʻin ovoz berib yigʻlaydi.
— Ey, mocha churka, men senga oʻchir deyapman! — deydi Uspenskiy.

Onamiz dami ichiga tushib ketadi.
— Chanishev! — deydi otamiz. — Manavi choʻchqalaringga ayt, poshikasta-zaifalarni undaychikin soʻkmaydilar!
— Soʻkayotganim yoʻq, — dedi Uspenskiy. — Mochani mocha deydi-da. Sen hangi churka, zaifang mocha churka! Yurting — Churkiston!
— Unday dema! Turkiston de, Turkiston! Men Oʻrusiyangni Choʻchqaiston deyotganim yoʻq!
— Oʻzi, Turkiston nomi nimadan olib aytiladi, Poltoratskiy?
— Turk soʻzidan olib aytiladi. Turkiylar makoni, degan mazmun beradi.
— Ha-a. Seya churka tuzemets oʻzingni buyuk turkiylar deb bilasanmi? Buyuk turkiylar... Buyuk Turkiston... Sassiq churkalar! Sassiq Churkiston! Ana, sen kimsan!
— Oʻzi bir churka tuzemets boʻlsa, Turkiston, turkiylar degan poʻrim-poʻrim gaplarni qaerdan biladi, Kolesov?
— Anavi Hisor taraflarda turk ofitserlari itday izgʻib yuribdi. Ana oʻshalar oʻrgatayapti.
— Anvar poshoni asfalasofilinga joʻnatganimizga oʻn ikki yil boʻldi-yu?
— Qalangʻi-qasangʻilari hamon daydib yuribdi.

Onamiz otamiz ketidan ergashib boradi. Hiq-hiq etib boradi.

Men onamiz ketidan ergashib boraman. Ing-ing etib boraman.

Oldinma-ketin katta yoʻllab kelamiz.

Katta yoʻlda tagʻin ikkita otliq boʻladi.

Qizillar ana shu manzilda oyoq iladi.

18-19

— Chanishev! — deydi otamiz. Bir kun boʻlmasa, bir kun sen sulloh kelishingni bilib edim. Aynan sen sullohni keladi, deb oʻylab edim. Oʻylaganim boʻldi, Chanishev!
— Ha, nima deysan, nima? — zahrini sochdi Chanishev.
— Chanishev! Men shu qishlogʻimizga qadam qoʻyaman degich oʻris qonini ichdim. Olisdan koʻrdim — otdim, yaqindan koʻrdim — soʻydim. Ay, attang-a, qoʻllik boʻlib qoldim. Men oʻris zoti qonini qoldirmayin ichaman deb edim.
— Icholmas eding. Bosmachi zotini tag-tomiri bilan qirib tashlash uchun bir yuz oltmish ming Qizil Qoʻshin boʻlib kelib edik. Bir yuz oltmish ming ovrupocha qurollik sara lashkar-a!
— Qoʻllik boʻlmaganimda, bir yuz oltmish mingini-da qonini ichar edim! Chanishev! Bir ushlash boʻlsa — ushlading. Boʻlar ish boʻldi. Endi, qoʻllarimni qoʻyber.
— Sendan qoʻrqqulik, Aqrab, qoʻrqqulik!
— Chanishev! Koʻp qoʻrqa berma. Mana, egar qoshiga qoʻy koʻganlaganday koʻganlabolding. Endi qayoqqa-da borar edim.
— Lazarevich, Fonshteyn! Qoʻlini qoʻyib yuboringlar!

Qizillar otamiz qoʻlini qoʻyib yuboradi. Otamiz uyushib-uyushib qolmish qoʻllarini yoyish uchun quloch otib-quloch otib oladi.

Shunda, qizillar yoppa baraka miltiq yopishadi.
— Ay, Chanishev-ay! Toʻqqiz qaytgan-ay! — deya kuladi otamiz. — Yurakdan-da bor ekan-da! Shu yuraging bilan meni ushlagani keldingmi-a? Aqrab qoʻrboshini-ya? Ay, enagʻar noʻgʻay-a, ay, zanigʻar noʻgʻay-a!
— Soʻkma, tuzemets!
— Chanishev! Sen kim? Ayt, sen kim? Noʻgʻay musulmon farzandi. Sen musulmon farzandi boʻla turib, manavi oʻrislar gapiga kirib kelding. Oʻrislar mening kallamni yeyish uchun sen noʻgʻaylarni bekorga tanlamadi. Boisi — oʻzbak bilan noʻgʻayni tili bir, dini bir, urf-odati bir. Bilsang — sen noʻgʻay oʻzingga oʻzing miltiq oʻqtalib kelding! Endi ayt, tuzemets menmi yo sen toʻqqiz qaytgan noʻgʻaymi?
— Men sen bilan harbiy sudda gapirishaman. Aqrab qoʻrboshi! Rudzutak, yoʻl ol!

Qizillar Denov taraf jilov buradi, Ana shunda qizillardan bir soya ayrilib qoladi. U Normurod faol boʻladi.
— Chanishev! — deydi otamiz. — Bir oyoq il! Anavi xunasaga aytar gapim bor!

Qizillar oyoq iladi.
— Ay, Normurod xunasa! — deya ket buriladi otamiz. — Sen meni oʻrislarga ushlab berding! Iloyim, qarigan chogʻingda tentak boʻl, ayolingni uch taloq qoʻy, elga ermak, xalqqa shaloq boʻlib oʻl, ollohu akbar!

— Ketdi, otam ketdi!.. —deyman.
— Koʻrdim... — deya ozurda boʻladi onamiz. — Koʻrdim, otang ketdi...

Onamiz oʻksib-oʻksib yigʻlaydi. Onamiz uvv-uvv yigʻlaydi.

Onamiz ovoz qoʻyib yigʻlaydi — demak, xavf-xatar olislaydi. Demak, endi qoʻrqmasa boʻladi.

Shu bois, otamiz ketidan yoʻl olib yigʻlayman.
— Ota-a-a! — deyman. Otamiz qayrilib qaramaydi. Fonuslar lop-lop etib boradi.

Qizillar otda boʻlsalar-da, miltiq oʻqtalib-oʻqtalib boradi.

Otamiz Qizil miltiq tigʻida ketadi.

Men otamiz ketidan chopaman. Pildir-pildir chopaman.
— Ota-a-a!

Yalang oyoqlarim yerga tegib-tegmay chopaman. Ana-ana yetajak boʻlaman.
— Ota-a-a!

Jon-jahdim bilan chopaman. Shunda, betim bilan yer uchaman. Kaftlarim bilan yer borib tushaman. Zabtim bilan bir-ikki bor yumalab olaman. Joyimdan turayin deyman — turolmayman.

Otamiz Qizil miltiq tigʻida ketadi.

Yerda yotmish koʻyi otamiz ketidan qarayman.
— Ota-a-a!

Fonuslar lop-lop etib boradi.
— Ota-a-a!

Otamiz Qizil miltiq tigʻida ketadi.

20

Otamiz chimzor oralab boradi.

Otamiz bugʻdoyzor oralab boradi.

Bugʻdoyzor adogʻi daryocha oqadi.

Daryocha adoq sohili Sayrak qishlogʻi boʻladi. Daryocha qibla sohili Xoʻjasoat qishlogʻimiz boʻladi.

Otamiz Qizil miltiq tigʻida boradi-boradi — ana shu daryocha boʻyida oyoq iladi. Chap yelkasi osha qiblagohda qolmish qishlogʻiga boqadi.

Boqadi-boqadi — botinan-botinan inqillab-inqillab oladi.

Qizillar otamiz chap yelkasiga miltiq bilan turtadi.
— Olgʻa, olgʻa! — deydi.

Otamiz endi oʻng yelkasi osha boqadi. Boqadi-boqadi — xoʻrsinib-xoʻrsinib oladi.
— Dehqonqul-ay! — deya ovoz beradi.

Otamiz onamizni yoʻqladimi? Otamiz meni yoʻqladimi? Meni yoʻqlasa — nima uchun yoʻqladi? Men goʻdakdan himo tiladimi? Men ushoqdan panoh tiladimi? Ushoq oʻgʻlon qoʻlidan nimada keladi?

Qizillar otamiz chorlovini oʻzlaricha yoʻyadi. Mazkur bugʻdoyzorda bosmachilar bor, deya yoʻyadi. Ana, Aqrab qoʻrboshi bosmachilarni yoʻqlayapti, deya yoʻyadi.

Qizillar apil-tapil bugʻdoyzor miltiq buradi.

Ammo otamiz yoʻqlamish Dehqonqul... bosmachidan shovur boʻlmaydi.
— Dehqonqul-ay!

Qizillar haminqadar jonsarak boʻladi. Tap-tap otdan tashlaydi. Sharaq-sharaq miltiq oʻnglaydi.
— Dehqonqul-ay, Dehqonqul!..

Dehqonqul degich... bosmachidan hamon shovur boʻlmaydi.

Ana shunda otamiz Aqrab qoʻrboshiligini qiladi!

Lik etib ot minib oladi. Tizzalari bilan niqtaydi.

Ot joyidan zabt oladi. Ammo oʻn-oʻn besh qadamda birdan tis boʻladi. Joyida yer tepinadi.

Boisi — yugan uchi yerda yotmish Qizil bilagida boʻladi.

Qizil yugan uchida sudralib-sudralib boradi. Qizil baqirib-baqirib boradi:
— Aqrab, agar qochsang, bolalaringni otamiz! Aqrab, bolalaringni bitta qoʻymay otamiz!..

Otamiz «bola» soʻzidan keyin zabtidan qaytadi. Otamiz «bola» soʻzidan keyin niyatidan kechadi. Qizil sapchib turadi. Otamiz oyogʻiga yopishadi. Otamiz Qizil koʻkrakka oyoq qoʻyadi.
— Osilma! — deydi. — Oʻzim tushaman!

Qizillar otamizni oʻrab oladi.

Qizillar yurak hovuchlab-yurak hovuchlab turadi. Otamiz ana shu vaziyatni anglab oladi. Otamiz ana shu vaziyatdan kelib aytadi:
— Daryo boʻyini olib yotasizlar, deb edim, — deydi. — Bular boshqa joyni olibdi-da.

Otamiz shunday deya-deya, tevarak-boshga olazarak-olazarak boqadi.
— Kimni aytayapsan? — deydi Chanishev.
— Kimni boʻlasdi — jigitlarimni-da.
— Sen bizning kelishimizni bilib edingmi?
— Chanishev! Sen meni oʻzingdayin bir toʻpori kofir deb oʻylab edingmi? Esa-chi, bilib edim, esa-chi. Jigitlarimga daryo yoqasida angnib yotinglar, deb tayinlab edim.
— Jigitlaring endi qaerda qaraydi?
— Qaerda boʻlardi — xudoni bir yerida-da. Hali yoʻlimizda Hayitkalni jari keladi. Anbarsoy keladi, Qizilsuv keladi...

Qizillar yoʻllarida davom ettishlarini-da bilmaydi, qishloqqa qaytib borishlarini-da bilmaydi.

21

Otamiz ana shunda gap indallosidan oladi:
— Chanishev! — deydi. — Oʻzi, meni qayoqqa olib ketayapsan?
— Yurchiga.
— Undan keyin-chi?
— Toshkanga.
— Toshkandan keyin-chi?
— Oʻrusiyaga.
— Oʻrusiyaga olib borib nima qilasan?
— Oʻrusiyada sud boʻlasan.
— Chanishev! Sud-bud, deb oʻtirma-da, jigiti gapni ayt: Shoʻro hukumati meni nima yuiladi?
— Nima qilardi, sud kesadi.
— Nimani kesadi?
— Kallangni kesadi!

Otamiz Chaiishev gapidan rozi boʻladi.

«Jigiti gap boʻldi, — deya oʻylaydi. — Boʻlmasa oʻz oyogʻi bilan qassobxonaga borajak molday boʻp ketaberar edim».
— Chanishev! — deydi otamiz. — Xudodan-da oʻtdi, bandadan-da oʻtdi.
— Oʻtdi, Aqrab qoʻrboshi, bari oʻtdi
— Xudo bilibmi-bilmaymi, sen oʻrislarni yurtimizga haydab keldi...
— Bari oʻtdi-ketdi, Aqrab qoʻrboshi. Endi biz senga toʻngʻich aka boʻlamiz. Sen esa bizga kenja uka boʻlasan.
— Xudo bilibmi-bilmaymi, biz musulmonlar qoʻliga miltiq berdi. Oʻrislarni ot, dedi.
— Bari oʻtdi, Aqrab qoʻrboshi, biz aka-uka boʻlamiz.
— Aka-uka boʻlasan? Chanishev! Oʻzi, kofir oʻz oti bilan kofir ekan-da! Musulmon bilan kofir qachon aka-uka boʻlib edi-da, endi boʻladi?
— Boʻladi, mana biz boʻlamiz. Sharqda yaxshi-yaxshi sharqona urf-odatlar bor. Masalan, Sharqda kichiklar kattalarga itoat etadi. Shunday ekan, sen bizga itoat etasan.
— Chanishev! Oʻlsam oʻlaman — lekin sen oʻrislarga uka boʻlmayman!
— Boʻlasan, shunday kun keladi, boʻlasan. Akayam gapmi, hali Leninni otam deysan. Krupskayani onam deysan.
— Chanishev! Oʻlsam oʻlaman — lekin sen oʻrislarni akam demayman!
— Deysan, shunday kun keladi, deysan. Deyish ham gapmi, hali kallai saharlab assalom, katta akam, deya ashula aytib salom berasan.
— Musulmon bilan kofir bu dunyo tugul, u dunyoda-da el boʻlmaydi. Boisi, musulmon mozorga kofirni koʻmib boʻlmaydi, kofir mozorga musulmonni koʻmib boʻlmaydi. Shunday ekan, musulmon bilan kofir u dunyoda-da aka-uka boʻla olmaydi.
— Boʻladi, oʻrtoq Lenin gʻoyalari shunday, boʻladi.
— Unda, oʻsha Lenining qushmiya odam ekan!
— Oʻrtoq Leninga tilingii tekkizma, tuzemets!

22

— Chanishev! Ayb senda-da boʻlmadi, ayb menda-da boʻlmadi. Bari Xudodan boʻldi! Chanishev! Sendan tilayajak bir tilagim bor. Ana shu tilagimni bajo keltir. Ana shunda, sen-da bola-baqrang oldiga borasan, men-da bola-baqram oldida qolaman.
— Ayt, ayt qani?
— Sen oldin, bajo keltiraman, deya soʻz ber. Ana undan keyin aytaman.
— Soʻz beraman! Ana, endi ayt.
— Chanishev! Meni mana shu yerda ot!
— Qaerda-qaerda?

Otamiz oʻng oyogʻi bilan yer tepib-er tepib aytadi:
— Mana! Mana shu yerda ot!

Qizillar bir-biroviga qarab-qarab oladi. Qizillar kalla chayqab-kalla chayqab oladi.
— Chanishev! — deydi otamiz. — Men oʻzbakman, oʻzbak! Oʻzbak qaerda tavallud topadi — ana oʻsha yerda umr kechiradi! Chanishev! Baliq jannatmakon sohilda boʻlsa-da, oʻlib qoladi. Balchiqdan-balchiq suv boʻlsa-da, tashlab yuborsa boʻldi — tagʻin tiriladi-qoladi. Chanishev! Oʻzbak-da ana shunday! Oʻzbakka jannatmakon-da tatimaydi. Oʻzbak jannatmakonda-da oʻz el-yurtini qoʻmsab-qoʻmsab ado boʻladi. Oʻzbak jannatmakondai doʻzaxmakon paxtazorini qoʻmsab-qoʻmsab qaytib keladi.
— Xoʻp, boraylik qani.
— Chanishev! Oʻzbak qaerda tavallud topadi — ana oʻsha yerda oʻladi! Oʻzbak oʻz el-yurtida oʻladi! Oʻzbak oʻz oʻlan-toʻshagida oʻladi! Oʻzbak — ana shunday oʻzbak!
— Oʻlimga mahkum uchun yerni farqi nima, tuzemets, — deydi Uspenskiy.
— Oʻris! Chin, sen uchun farqi yoʻq, chin. Qaerda xushhavo tabiat boʻladi — oʻsha yer oʻris uchun yurt boʻladi. Qaerda qorni toʻyadi — oʻsha yer oʻris uchun yurt boʻladi. Oʻris — ana shunday oʻris!
— El-yurt, el-yurt deysan, oʻzi, Oʻzbakiyada seni koʻmish uchun el-yurt qoldimi? — deya hiring-hiring kuladi Uspenskiy. — Ikki milyon bosmachi qirib tashlandi, deyishayotib edimi, Rudzutak?
— Shunday, ikki milyon bosmachi qirib tashlandi, shunday, — deydi Rudzutak.
— Ana, ikki milyon el-yurting asfalosofilinga safar qilibdi.
— Topiladi! — deydi otamiz. — Bir meni oʻrab-chirmab koʻmajak el topiladi. Oʻzbak elini qirib ado etolmaysan. Oʻzbak eli — katta el.
— Hali tagʻin qiramiz! — deydi Kolesov.
— Asfalosofilinda turkiy tuzemetslar uchun tagʻin milyonta joy tayinlab qoʻydik, — deydi Uspenskiy.
— Oʻris! Sen ana shunday oʻlasan! Oʻris qaerda oʻladi — oʻligi oʻsha yerda qoladi. Oʻris uchun oʻlar yeri mozor boʻladi. Mozoriga bir xochchoʻp qadab ketadi — boʻldi! Oʻris! Oʻzbak qaerda oʻladi — oʻligini oʻz el-yurtiga olib keladi. Oʻzbak oʻligini oʻz qiblagohiga koʻmadi. Oʻzbak oʻligini oʻz bosh-tojiga koʻmadi. Shu bois, oʻzbaki qabriston qiblagohda boʻladi!
— Xoʻp, oldin boraylik, bir gap boʻlar, — deydi Chanishev.
— Chanishev! Sen meni Oʻrusiyaga olib borasan-da — paqillatab otib tashlaysan. Qaysi bir oʻraga kafansiz koʻmib tashlaysan. Vatan gadosi — kafan gadosi boʻlib oʻlaman. Kafansiz oʻligimni kim el-yurtimga olib kelib koʻmadi? Kafansiz oʻligim it oʻlikdayin Oʻrusiyada qolib ketadi! Ana undan keyin, bola-baqram meni qaerlardan yoʻqlab yigʻlaydi? Bola-baqram qaerlarga borib otamlab yigʻlaydi? Bola-baqram qaysi mozorim boshiga borib yygʻlaydi? Bola-baqram ulugʻ ayyom kunlarda qaysi mozorimga chiroq qoʻyadi? Shunday ekan, otarman boʻlsang, mana, koʻkrak — ot! Lekin — oʻz el-yurtimda ot! Shahid boʻlsam — oʻz el-yurtimda shahid boʻlayin! Shahidimni oʻz el-yurtim koʻmsin!

Ana shunda Chanishev otini qayiradi. Otamiz bilan muqobil boʻladi. Chanishev mulzam boʻladi!
— Aqrab qoʻrboshi, — deydi sokin-sokin. — Men seni bir yoʻltoʻsar deb eshitib edim. Bir kallakesar deb eshitib edim. Bir vahshiy deb eshitib edim. Inchunun, oʻgʻriyam deb eshitib edim! Seni mana endi bildim. Aqrab qoʻrboshi, sen asl jigit ekansan, asl jigit!

Chanishev sukut oladi.
— Aqrab qoʻrboshi, — deydi. — Ixtiyor menda boʻlsa edi, men seni hoziroq ozod etar edim. Ixtiyor menda boʻlsa edi, men seni oʻzimga oʻrinbosar qilib olar edim. Ming afsus! Aqrab qoʻrboshi, men — polkovnik Chanishev, davlat arbobi Kuybishev oldida otdan tushmadim, men — polkovnik Chanishev, buyuk sarkarda Frunze oldida otdan tushmadim. Aqrab qoʻrboshi, men — polkovnik Chanishev, Aqrab jigit oldida otdan tushaman!

Chanishev shunday deya, vazmin-vazmin otdan tushadi.

Bir qoʻlida yugan Chanishev otamiz qoshida bosh epib-bosh egib turadi.
— Jigit!.. — deydi Chanishev.
— Chanishev! Bir qadam-da bosmayman! Men mana shu el-yurtda jon beraman!
— Juda boʻlmasa, Yurchigachayin boraylik, jigit?
— Chanishev! Oshingni yesa-da, mard yesin, boshingni yesa-da, mard yesin! Mana, koʻkrak — ma!

23

Otamiz tilamish talak bajo boʻladi. Qizillar shahid otamizni bugʻdoyzorda tashlab ketadi.

24

El-yurt otamiz qoni toʻkilmish tuproqni devor bilan oʻrab oladi.

El-yurt otamiz jon bermish tuproq uzra oppoq yalov qadab oladi.

El-yurt Aqrab shahid poyidan oʻta-oʻta bir oyoq ilib oladi.

El-yurt Aqrab shahid uchun fotiha oʻqib-oʻqib oladi.

Uchinchi bob

1

Tong saharlab koʻchalayman.

Shaxdam-shaxdam qadamlayman.

«Yur, tuzemets, yur!»

Qoʻllarimni uzatib-uzatib qadamlayman.

«Oʻchir, churka, oʻchir!»

Miltiq peshlab-miltiq peshlab qadamlayman.

Shunda, peshonamdan bir soya kela beradi.
— Eb-ey, eb-ey, Dehqonqul? — deydi soya. — Ay, Dehqonqulmisan?

Miltiq oʻqtalib-oʻqtalib bora beraman.

«Oʻchir, tuzemets, oʻchir! — deyman. — Sen — mocha churka! Yurting — Churkiston!

Soya qimir etmay qoladi.

Shu mahal onamiz ketimdan qanday doxil boʻladi — bilmay qolaman. Ketimdan qanday quchoqlab oladi — bilmay qolaman.

Qoshimda qotmish soya koʻksiga tupura-tupura kalima qaytaradi.
— Ay, Bolxin hamsoya, — deydi soya. — Shuginangiz bir baloga yoʻliqqan-ov. Uljon folchiga fol ochirib kelsangiz boʻlardi.
— Folchi nimayam derdi, Xoldon hamsoya.
— Folchi aytadi-da, Bolxin hamsoya, folchi aytadi.
— Oʻzi — boʻlgan-boʻldigi shul, xolasi.
— Boʻlgan-boʻldigi shul, boʻlgan-boʻldigi shul! Oʻtakamni yorib yuborayin, dedi! Bovujud, boʻyimda yoʻq — boʻyimdan tushirardi-qoʻyardi!
— Bolada ne ayb, xolasi. Bovasi shunday edi, otasi shunday edi, bolasi-da shunday boʻladi-da.

2

Direktorimiz barchamizni ulkan sinfxonaga soladi.
— Maylis boʻladi! — deydi.

Sinfxona liq toʻladi. Tik turish uchun joy qolmaydi.

Direktorimiz eshikni ichkaridan qulflab joriya etadi:
— Oʻrtoqlar, beshinchi sinfdan boshlab barcha paxta frontiga safarbar etiladi!

Oʻynab qoʻyay, beshinchidan, oʻynab qoʻyay, deyman! Toʻrtinchidan beshinchiga koʻchganlarimga pushaymon boʻlaman.

Uninchi sinf gap qaytaradi:
— Oʻqish nima boʻladi, domla, oʻqish nima boʻladi?

Direktorimiz shahodat barmogʻini shipga nishlaydi. Tantanavor-tantanavor nishlaydi.
— Paxtazor — daftaring boʻladi, gʻoʻzalar husni-xating boʻladi! — deydi.

Muallimlarimiz uyma-uy yuradi. Kiyim-boshlarimiz bilan koʻrpa-toʻshaklarimizni oldirib keladi.

Men onamiz berib yubormish boʻxchani olib qarayman: boʻxchada ikkita koʻrpacha boʻladi. Ikkita non boʻladi. Mayiz boʻladi, toʻrtta moyak boʻladi.

Men moyaklarni archib-archib yeb olaman.

3

Eshik tushdan keyin ochiladi.

Direktorimiz jugʻrofiya tayogʻini eshikka nish etadi.
— Oʻrtoqlar, birov-birovdan olgʻa! — deydi. Men boʻxchamni orqalab tashqarilayman. Maktabimiz darvbzasi oldida toʻrtta katta mashina boʻladi.

Muallimlarimiz maktabdan mashinagachayin ikki saf boʻlib turadi.

Men ana shu saf orasidan mashina yoʻl olaman.

Katta sinflar boʻxchalarini mashina ichiga otib-otib tushiradi.

Men-da, boʻxchamni otaman — boʻxcham yelkamga qaytib kelib tushadi. Tagʻin otaman — boʻxcham koʻksimga qaytib kelib tushadi.

Fizika muallimimiz boʻxchamni mashina ortib beradi. Oyogʻimdan oladi-da, oʻzimni-da ortadi. Joʻna-joʻna boʻladi. Ota-onalarimiz bot-bot tayinlab qoladi:
— Ariqdan suv ichma — paxtaga dori sepadi!
— Samolyot dori sepa bersa — bekinib ol!
— Qiynalsang — qochib kela ber!
— Mabodo qochaman desang — katta yoʻl chetginasidan yurgin!

Mashina ohista-ohista jiladi. Ota-onalarimiz qoʻl silkib-qoʻl silkib qoladi. Birov koʻziga yosh oladi. Birov yupatadi:
— Boʻldi-e, bolangiz frontga ketayaptimi!
— Oʻz oti oʻzi bilan paxta fronti-da!
— Jobida bir mashina yordamchi bola soyga agʻnab ketibdi!
— Bolalar kori hol boʻlmabdimi?
— Eb-ey, bola qolibdimi!..

Yoʻlda bolalar qoʻshiq aytadi. Kim qandaychikin qoʻshiq biladi — ana shu qoʻshiqni aytadi.

Shunda, mashina yoʻl chetlab oyoq iladi.

Direktorimiz kabinadan tashqarilaydi. Kabina pillapoyasida tikka boʻladi.
— Oʻrtoqlar, oʻlan-laparlar aytmanglar! — deydi. — Partiya-sovet qoʻshiqlaridan aytinglar!

4

Mashina yuradi-yuradi — Stalin kolxozi maktabi oldida oyoq iladi.

Men boʻxchamni gursillatib yer tashlayman. Boʻxcham ketidan oʻzim osilib tushaman.

Maktab qorovuli huvillab yotmish sinfxonalarni ochib-ochib beradi.

Men boʻxchamni orqalab ichkari loʻkillayman.

Katta sinf sinfxona toʻrini oladi.

Mayda sinf ostona oldida qoladi.

Men deraza ostini olaman. Boʻxchamni gupillatib tashlayman-da — ustiga uzala tushib yotibolaman.
— Oʻynab qoʻyay, deraza ostidan, oʻynab qoʻyay! — deyman.

Oʻninchi sinf bolalar gapimdan kulishib-kulishib gapirishadilar:
— Nega shu bola gapi oʻrolida oʻynab qoʻyay, deydi?
— Odati-da.
— Nega oʻynab qoʻyay, deydi?
— Kim biladi. Ziyod degichi gapi oʻrolida masalan, masalan, deydi. Shunday gap-da.

Shu vaqt joy janjali boʻladi.

Birov-birovini boʻxchasini nari suradi. Birov-birovichi boʻxchasini nari otadi. Birov-birovi bilan olishib qoladi.

Devorda osigʻliq ulkan bitiktaxta taraq etib tushadi.

Bitiktaxtada qolmish bitikka koʻzim tushadi:

«5 sentyabr.

Sarlavha: Sovet xalqi 1980 yilda kommunizmda yashaydi».

Bolalar bitiklarni ovoz chiqarib-ovoz chiqarib oʻqiydi.
— Bechoralar! — deydi. — Bu yil haqidan bor-yoʻgʻi besh kun oʻqibdi-ya!
— Qaytanga biz maza qilibmiz — bir oy oʻqibmiz!

5

Yotarda toʻshagimni yoyib yotaman. Birov gapirishib yotadi. Birov matal aytishib yotadi. Birov uxlab yotadi.

Shunda, kimyo muallimimiz kirib keladi.
— Turinglar, direktor kelayapti! — deydi. Bolalar mudrab-mudrab direktorimiz yoʻlini qaraydi.

Direktorimiz qoʻli ketida kirib keladi. Oʻngida jugʻrofiya muallimimiz boʻladi, chapida fizika muallimimiz boʻladi.

Bolalar joylaridan bir turib oladi.

Direktorimiz tevarak-boshga qaygʻuli-qaygʻuli nazar soladi.
— Oʻrtoqlar! — deydi. — Men hozir markazdan — byurodan keldim! Vaziyat yomon, oʻrtoqlar, ha, yomon! Terim sust bormoqda, oʻrtoqlar, terim sust bormoqda! Oʻrtoqlar, qoʻlni qoʻlga berib, jon-jahdimiz bilan mehnat qilib, ona sutiday oppoq, halol «oq oltin»imizni yigʻib-terib olaylik! Oʻrtoqlar, paxta bizning koʻzimizni emas, biz paxtaning koʻzini qoʻrqitaylik! Oʻrtoqlar, koʻz qoʻrqoq, qoʻl botir, jasoratga biz qodir! Byuroda rayon partiya komiteti birinchi sekretari, hammamiz uchun hurmatli va aziz oʻrtoq Mavlonov ana shunday dedi, oʻrtoqlar!

6-7

Direktorimiz saharlab na'ra tortadi:
— Pod'yom!

Men sapchib turaman. Uyqu aralash tashqarilayman. Karaxt-karaxt bet-qoʻl yuvaman.
— Stroysya!

Men boʻysira boʻlaman. Oʻzimni boʻysiraga sozlayman.
— Smirno!

Men tayoq boʻlib qotaman. Muallimlarimiz idish-toboq tarqatadi.
— Oʻrtoqlar, bir kunlik norma sakson kilo! — deydi direktorimiz.

Uninchi sinf e'tiroz bildiradi:
— Kolxozchilarni bir kunlik normasi oltmish kilo-ku, domla?
— Toʻgʻri, oltmish kilo! Lekin sizlar yordamchisizlar! Yordamchilar kolxoz hisobidan ovqat yeydi! Qoʻshimcha yigirma kilo ana shu kunlik ovqat uchun ushlab qolinadi! Tushunarlimi? Qani, paxta fronti sari olgʻa, oʻrtoqlar!

Uninchi sinf oldinda boradi. «Oʻquvchi yordamchilarga alangali salom!» degich alvon koʻtarib oladi.
— Qoʻshiq aytaman desalaring, partiya-sovet qoʻshiqlaridan aytinglar! — deydi direktorimiz.

Ammo birov-da qoʻshiq aytmaydi.
— Front, front deydi, — deydi bolalar, — frontda pulemyot beradi, avtomat beradi.

8

Bir mahal Fizika qabatimdan kelib qarab turadi.

Men bir qoʻlim bilai gʻoʻza uchidan ushlab turaman. Bir qoʻlim bilan gʻoʻza paxtalarini birov-birovlab terib olaman. Paxta chang-gʻuborlarini puflab-puflab etagimga solaman.

Fizika ogʻzini ushlab-ushlab kuladi.
— Ay, Dehqonqul-a, Dehqonqul! Nimaga keyinda qolayapsan desam, gap buyoqda ekan-da, — deydi. — Kim aytadi seni, ogʻiroyoq boshi bilan hammadan koʻp paxta tergan Bolxin terimchining bolasi deb?

Fizika chin aytadi — kattalar oʻz vaqtida onamizni ana shu Stalin kolxoziga paxtaga haydaydi.

Onamiz oyoq tiraydi, ogʻiroyoqman, deydi.

Kattalar, paxta ogʻiroyoqni bilmaydi, deydi.

Onamiz tongdan shomgacha paxta teradi. Musobaqada gʻolib boʻladi. Bayroq oladi. Surati bilan roʻznomada chiqadi.

Oy-kuni boʻlmasa-da, onamizni egatda dard tutadi.

Onamiz egatda ichlarini ushlab-ushlab voy-voylaydi.

«Erkaklar bilan teng huquqli boʻlmay men oʻlayin-a! — deydi. — Sharqda mash'al boʻlmay men oʻlayin-a!»

Oppoq dalani chala chaqaloq ovozi oladi...

Fizika koʻz-koʻz etib paxta teradi.
— Ana, ana! — deydi. —Koʻrayapsanmi? Gʻoʻzani ushlab turma — gʻoʻza qochib ketmaydi. Ikki qoʻling ham chanoqda boʻlsin.

Men Fizika aytmishdayin teraman.

9

Kimyo qiytiqda kaft karnay etadi.
— Tushlik! — deya ovoz beradi.

Etagim toʻlar-toʻlmas boʻladi. Tepkilay-tepkilay tarozi orqalab boraman.
— Uch kilo! — deydi tarozibon. Bolalar gurr kuladi. Qiytiqda etak toʻshayman.

Toʻshagim-da etagim boʻladi, dasturxonim-da etagim boʻladi.

Non bilan choy tushligim boʻladi. Tushdan keyin ikki kilo teraman.

10

Yetarda yoʻqlama boʻladi.

Direktorimiz koʻp teruvchilarni bir saflab ulugʻlaydi.
— Mash'allarni koʻring — havas qiling! — deydi. Oz teruvchilarni bir saflab mazzallatlaydi.
— Qoloqlardan hazar qiling, hazar! — deydi. Direktorimiz shoʻro paxtasidan nimalar olinishini barmoqlab-barmoqlab sanab beradi:
— Bir tonna sovet paxtasidan ikki ming toʻrt yuz yigirma metr gazlama, sakson olti kilo moy, ikki yuz yigirma olti kilo kunjara, oʻn besh kilo kir sovun... olinadi! Shu sababdan ham sovet paxtasi «oq oltin» deyiladi! Sovet «oq oltin»ini termaslik — jinoyat!

Tikka tura berib, oyoqlarim zirq-zirq toladi.

Oʻzimni bir oʻng oyogʻimga tashlayman, bir chap oyogʻimga tashlayman.
— Ertaga tayin bajaraman, — deya qutulaman.

11

Ertasi Fizika oʻrgatmishdayin teraman. Jon-jahdim bilan teraman.

Oʻn kilo teraman— oʻn kilo! Yotarda tagʻin tikka turaman.
— Oʻrtoqlar, men bugun byuroda boʻldym! — deydi direktorimiz. — Shaxsan oʻrtoq Mavlonov oldida boʻldim! Oʻrtoq Mavlonov mash'allarga ofarinlar aytdi!

Direktorimiz qulogʻimdan choʻzadi.
— Sen atalalarni esa jazolansin, dedi, ha, jazolansin, dedi! — deydi. Jazolayman, ha, jazolayman! Buni paxta fronti deb qoʻyibdi! Paxta fronti javobgarlikka tortadi! Paxta fronti qamatadi!

Tikka tura berib, uyqularim kelib ketadi.
— Ertaminan gʻayrat qilaman, — deya soʻz beraman.

12

Bir hafta oʻtadi, ikki hafta oʻtadi.

Azzancha kuchanmayin — oʻz kuchimdan ziyod terolmayman.

Oʻn kilodan oshib oʻtolmayman!

Holdan toyib-toyib qolaman. Egat ichida oʻtirib-oʻtirib qolaman.

Jugʻrofiya dala boshini olib turadi. Kimyo dala adogʻini olib turadi. Birorta bola koʻrinmay qolsa boʻldi — darrov baqiradi:
— U-oʻ, Egamov, tur! U-oʻ, Nazirova, nimaga roʻmoling koʻrinmay qoldi?! Tur, kun ketayapti!

Men mudrab-mudrab oʻtiraman.
— U-oʻ, Jamoliddinov, karmisan — indamaysai?! Men oʻzimni eshitmaslikka olib oʻtiraman. Kimyo egat oralab keladi.
— U-oʻ, Jamoliddinov, nima balo, oʻlib-poʻlib qoldingmi? — deydi.

Men shunda-da tura bormayman.

Shunda, Kimyo xivich bilan oyoqlarimga soladi.

Men tura solib paxta teraman.

13

Terimchilar tera beradi —terolmovchilar kuchanib yuraberadi.

Direktorimiz yonadi.
— Yeganing burningdan chiqqurlar! — deydi. — Men senlar uchun byuroda gap eshitdim! Oʻrtoq Mavlonov byuro ahli oldida izza qildi! Yoʻq, men senlar uchun izza boʻlmayman! Yo paxta terdiraman, yo terilaringni shilib olaman!

Direktorimiz bir qulochcha gʻoʻzapoya tarashlab keladi.

Gʻoʻzapoya uchi shoda-shoda koʻsak boʻladi. Gʻoʻzapoya uchi koʻk-koʻk koʻsak boʻladi. Gʻoʻzapoya uchi moyakday-moyakday koʻsak boʻladi.

Direktorimiz safboshi Ziyod bilan muqobil boʻladi. Ziyodni iyagidan tutamlaydi.
— Nima uchun oz terasan?! — deya zugʻumlaydi. — Ayt, nima uchun oz terasan?! Davlat seni nima uchun oʻqitayapti?! Davlat seni nima uchun boqayapti?! Manavi Qoraev sakson-toʻqson kilo teradi! Qoraevdan qaering ziyod, ayt, qaering ziyod?!

Ziyod qalt-qalt javob beradi:
— Qoraev oʻninchi sinf, men beshinchi sinf, masalan.
— Jirillama! Beshinchi sinf bilan oʻninchi sinf farqi yoʻq! Bari katta sinf sanaladi! Ayt, normani bajarasanmi yoʻqmi-bajarasanmi yoʻqmi!..

Direktorimiz gʻoʻzapoya bilan Ziyod yelkalari osha uradi. Ziyod bellari oralatib uradi.

Ziyod bilaklari bilan bet-boshini pana etadi. Ziyod zorillab-zorillab yigʻlab qoʻya beradi:
— Bajaraman, masalan, bajaraman!.. Direktorimiz musht doʻlaytirib-musht doʻlaytirib doʻqlaydi.
— Bajarmay koʻr—oyogʻingdan osaman! Byuro ana shunday dedi!

14

Uydan olib kelmish bor kiyimlarimni yetti qabat kiyib olaman. Telpagim quloqlarini tushirib olaman. Iyagimdan aylantirib, boylab olaman.

Yoʻqlamani ana shunday shaylanib qarab oʻtiraman!

Nihoyat, direktorimiz keladi. Yoʻqlama boshlaydi. Oz teruvchilar otini aytadi.

Oz teruvchilar devor qoralab saf boʻladi.

Direktorimiz oz teruvchilar birovini lab-lunjidan choʻzadi. Birovini telpagi bilan betiga uradi. Birovini peshonasidan ketiga itarib tashlaydi.

Direktorimiz men bilan betma-bet boʻladi.
— Ey! — deya iyagimdan koʻtaradi. — Joning bormi oʻzi?! E, oʻl-e, odam boʻlganing bilan-e! Odam degan oʻn kiloyam paxta teradimi-a? Oʻn kilo-ya?!

Men, direktorimiz meni kamsitayapti, deb bilaman. Men, direktorimiz bugungi muvaffaqiyatimni koʻrib-koʻrmaslikka olayapti, deb bilaman.

Boisi — bugun oʻn bir kilo tergan boʻlaman, oʻn bir kilo!

Shu bois, oʻzimni-oʻzim oqlayman:
— Oʻn bir kilo... — deya mingʻillayman. Direktorimchz ogʻiz toʻldirib-ogʻiz toʻldirib uv-uvlaydi.
— U-u-u, oʻn bir kilo! — deydi. — Oʻn bir kilo-ya, u-u-u! Buncha paxtani qanday qilib terding-e? Qoyil-e!

Muallimlarimiz piq-piq kuladi.
— Sichqon bir kunda iniga yiqqan paxta oʻn bir kilo boʻladi! — baqiradi direktor. — Jasadingni qara! Jasadingdan eshak hurkadi! Oʻl-e, shu kuningga-e! Menga qara, qachon normani bajarasan?! Ayt, qachon, qachon, qachon!..

Gʻoʻzapoya yelkalarim oralab-oralab tushadi. Zarbli-zarbli tushadi. Tars-tars tushadi.

Ikkita koʻk koʻsak yelkalarimdan oyoqlarimga uchib tushadi.

Ust-boshim yetti qabatligadan koʻk koʻsak tayoq oʻtmaydi.

Koʻk koʻsak tayoq endi qoʻllarim oralab-qoʻllarim oralab tushadi.

Tayoq oʻtadi — ana shunda oʻtadi!
— Enajon, oʻldim-e, enajon-e!.. — deya zor-zor yigʻlayman.
— Bajaraman de, bajaraman de!..
— Bajaraman, jon domla, bajaraman! Direktorimiz bir oppoq tolani boshi uzra koʻz-koʻz etadi»
— Ana, koʻrayapsanmi, ana! — deydi. — Paxta sirtidan ana shunday oppoq boʻladi!

Direktorimiz tolani chigitlaydi. Ichidan chigitini oladi.

Direktorimiz qop-qora chigitni koʻz-koʻz etadi.
— Paxta aslida mana bunday ichi qora boʻladi! — deydi. — Paxta — ichi qora mato! Paxta odamzotni indamay boplaydi! U dunyo-yu, bu dunyo oʻngarilmas qiladi! Byuroda oʻrtoq Mavlonov ana shunday dedi!

Direktorimiz yoqamdan changallaydi. Yerdan dast koʻtarib oladi. Tagʻin yer tashlaydi.
— Paxta sen mafkurasi buzuqni koʻzingni oʻyib oladi! — deydi. — Bilasanmi, sen kimsan? Sen — bosmachisan, bosmachi!

Men chinqirib-chinqirib yigʻlab qoʻya beraman. Men yer tepib-er tepib yigʻlab qoʻya beraman.

Men jon-jahdim bilan direktorimizni tizzasiga yopishaman.

Men direktorimiz tizzasinn tatalab-tatalab tashlayman. Men direktorimiz tizzasini tishlab-tishlab tashlayman.

Muallimlarimiz oracha etadi.
— Ana, koʻryapsizlarmi, oʻrtoqlar? — deydi direktorimiz. — Qazisan, qartasan, axir naslingga tortasan! Buning otasi Aqrab bosmachi edi! Sovet tuzumi dushmani paxta terarmidi!

15

Alp-alp odimlab boraman. «Qoʻlingni koʻtar, bosmachi!» Miltiq oʻqtalib-oʻqtalib boraman. «Qimirlama, bosmachi!»

Miltiq tepkasini sharaq-shuruqlatib boraman. «Otaman, bosmachi, otaman!»

Bir qoʻl yelkamdan ushlayda. Betlarimga shapatilaydi.
— Koʻzingni och, Jamoliddinov, koʻzingni och! — deydi.

Ana shunda oʻzimga kelaman.

Tun qora boʻladi.

Yoʻl chapi paxtazor boʻladi, yoʻl oʻngi yotoq boʻladi.

Men yoʻl oʻrtasida boʻlaman.

Shu vaqt tagʻin birov keladi.
— Nima gap, Hamzaev? — deydi.
— Manavi valdirvasar boʻlib ketib borayapti.
— Shabkoʻrdir-da.

Ovozlarni tanib olaman — birovi Jugʻrofiya boʻladi, birovi Adabiyot boʻladi.

Jugʻrofiya oʻng qoʻlimdan olib keladi, Adabiyot chap qoʻlimdan olib keladi.

Yotoqda bolalar pish-pish qotadi.

16

Gʻoʻzapoya Ziyod yelkalarida tars-tars etadi. Gʻoʻzapoya koʻk koʻsaklari uchib-uchib tushadi. Gʻoʻzapoyada bitta-da koʻsak qolmaydi.
— Sattorov! — deydi direktorimiz. — Boring, boshqa gʻoʻzapoya olib keling!

Adabiyot chopqillab tashqarilaydi. Bir gʻoʻzapoya tarashlab keladi.

Gʻoʻzani uchlari koʻsaksiz boʻladi.
— Men qoqchoʻp bilan chilik oʻynaymanmi?! Boring, koʻsaklisidan olib keling!

Direktorimiz shunday deya, gʻoʻzapoyani tashqari otadi.

Adabiyot shoda koʻsak gʻoʻzapoya olib keladi.
— Endi, oshpazni aytib keling!

Adabiyot oʻninchi sinf qizni ergashtirib keladi. Direktorimiz oshpaz qizga roʻyxat uzatadi.
— Elomonova! — deydi. — Ertadan boshlab manavi tekintomoqlarga goʻshtsiz ovqat berasan! Agar ushoqday goʻsht bersang — kuningni koʻrasan!

Shu-shu — kosam goʻsht koʻrmaydi.

17

Jiva qoshigʻimni yoʻqotib qoʻyaman,

Oshpaz qizdan qoshiq soʻrayin deyman — direktorimizga aytadi, deya qoʻrqaman.

Shu bois, Nuralini kosasiga qoʻshilaman.

Ziyod bilan Meliyam qoʻshiladi — ular-da qoshiq yoʻqotadi.

Toʻrtovora bir kosa boʻlamiz.

Qoshiq Nuralidan boshlab aylanadi.

Nurali ikkov ichadi — Meliga qoshiq tashlaydi. Meli ikkov ichadi — Ziyodga qoshiq tashlaydi. Ziyod ikkov ichadi — menga qoshiq tashlaydi.

Gir-gir aylanmish qoshiqdan koʻz ayirmay turaman.

Uchov ichuvchi boʻlsa — darrov bilagidan qoʻshqoʻllab ushlayman. Qoʻlidan qoshiqni yulib olaman.
— Uchov ichding, uchov! — deyman.

18

Ichim burab-burab qoladi. Ichim qabz etib-qabz etib qoladi.

Dardim ichimda boʻladi.

Kundan-kun darmondan qolaman.

Maktab futbol maydoni badrabxonamiz boʻladi.

Kallai saharlab futbol maydoniga chopqillayman. Maydon duch kelmish yerida oʻtira qolaman.

Tevarak-boshimga uyqusirab-uyqusirab alanglayman.

Tevaragimda oyoq bosar yer juda-juda kam boʻladi.

Shunda, ajab bir nimalarni koʻraman. Koʻzlarimni uqalab-uqalab koʻraman.

Tevarak-boshim qip-qizil qon boʻladi! Tevarak-boshim sap-sariq qon boʻladi! Tevarak-boshim toʻda-toʻda qon boʻladi!

Koʻrmayin deya, chakkamni kaftimga qoʻyib olaman. Koʻzlarimni yumib olaman.

Bir mahal birov yelkamdan turtadi.

Men seskanib koʻzimni ochaman — boshimda Ziyod turadi.
— Uxlama, ichburugʻ! — deydi.

Men lik etib turaman. Ketimga qarayman. Futbol maydonda tagʻin bir toʻda qon bino boʻladi.

19

Tushlik choy qaynay bermaydi. Men oftobda choy qaynashini qarab yotaman. Shu mahal dala yoʻlidan bir mashina keladi. Mashinadan shlyapali odam tushadi.
— Hormanglar, bolalarim! — deydi. Brigadir bilan qoʻl berib koʻrishadi.
— Uf-f, bir piyola choy ber-e, baraka topkur-e! — deydi.
— Choy endi qaynaydi, — deydi brigadir. Shlyapali odam xirmon bagʻrida yonboshlaydi.

Shlyapasini xirmonga tashlaydi.

Shu vaqt tagʻin bir mashina xirmon qoralab keladi.

Mashinadan direktorimiz tushadi.

Direktorimiz u yerda-bu yerda yotmish bolalarga baqiradi:
— Bu nima yotish?! — deydi. — Paxta fronti enangni uyimi?! Men hozir byurodan keldim! Senlarni deb oʻrtoq Mavlonovdan eshitmaganlarimni eshitib keldim!
— Choy qaynasin, domla, choy qaynasin, — deydi oʻninchi sinf.
— Sen tirranchalarga choyni kim qoʻyibdi?! Ana, ariq toʻla suv — ariqdan ich!

Shunda, shlyapali odam xirmondan bosh koʻtaradi,.
— Oʻ-oʻ, domla, berman haydang! — deydi. Direktorimiz shlyapali odamga qaraydi-qaraydi — taniyolmaydi. Taniyolmasa-da, shlyapali odam taraf yuradi.

Shlyapali odam yonboshlab yotmish koʻyi qoʻl uzatadi.
— Kamnamosiz, domla? — deydi. Direktorimiz qoʻl berayinmi-qoʻl bermayinmi, zaylida qoʻl uzatadi.
— Oʻzlari kim boʻladilar? — deydi. Shlyapali odam kaftlrini ochib aytadi:
— Hasharchi. Mana shu bolalarday bir hasharchi, — deydi. — Choyingiz qaynamadi, domla. Endi siz buyurganday, ariqdan ichamiz-da.

Shlyapali odam shunday deya, mashinasi taraf yoʻl oladi.

Direktorimiz shlyapali odam ketidan qarab turadi-turadi — brigadirga oʻngaladi..
— Bu kim boʻldi? — deydi.
— Tanimayapsizmi? Raykom-ku.
— Raykom? Qanday raykom?
— Qanday raykom boʻlardi — Mavlonov bova-da.
— Oʻrtoq Mavlonovmi? U kishi dalada nima qilib yuribdi?
— Dalaga samolyot kelayapti. Samolyotdan oldin dalalarni qarab yuribdi.
— Iya, — deydi direktorimiz. — Oldinroq aytsangiz boʻlmasmidi, iya.

20

Shu-shu — markaz, byuro, Mavlonov degich gaplardan qutulaman.

Keyin-keyin bilaman — direktorimiz markazda pivoxoʻr boʻlib-boʻlib qaytib kelib yurgich boʻladi.

21-22

Ketma-ket uch yotar yoʻqlama boʻlmaydi. Koʻk koʻsak gʻoʻzapoya boshim uzra oʻynamaydi. Dalada muallimlarimiz qadamimni sanamaydi. Muallimlarimiz biri qoʻyib biri joriya etadi:
— Maktabimiz sotsialistik musobaqada gʻolib keldi!
— Maktablar aro Koʻchma Qizil Bayroqni oldi!
— Yuzdan ziyod yordamchi maktablar orasida-ya! Men hur boʻlaman. Men xurram boʻlaman.
— Endi paxta termaymiz-a, domla? — deyman.
— Paxta termaysan? Endi paxta terasan-da!
— Qizil Bayroq bor-yoʻgʻi bir oylik ishimiz uchun berildi!
— Qizil Bayroq kuchimizga kuch qoʻshadi!
— Qizil Bayroq zafarlarga chorlaydi!
— Oʻrtoqlar! — deydi. — Haqiqatan ham, hammamiz uchun hurmatli va aziz oʻrtoq Dadaboev aytganlariday, kommunistik partiya safiga qabul qilinish sharafiga erishishim oson boʻlmadi! Oʻtgan ikki yil mobaynida maktabimiz oʻquvchi-yordamchilari biror marta ham Qizil Bayroq olish sharafiga muyassar boʻlolmadi! Bunda, ma'lum ma'noda oʻzim aybdor boʻldim! Paxta yigʻim-terimiga mas'uliyat bilan yondashmadim! Qattiqqoʻl boʻlmadim! Partiyaviy prinsipiallik koʻrsatmadim! Oʻrtoqlar, men ana shu yoʻl qoʻygan xato-kamchiliklarimdan tegishli xulosa chiqarib oldim! Mana, ma'lum muvaffaqiyatlarga erishdim! Men bu muvaffaqiyatga rayon xalq maorifi mudiri, hammamiz uchun hurmatli va aziz oʻrtoq Dadaboevning bevosita va bilvosita rahnamoligi tufayli erishdim! Men siz oʻquvchi-yordamchilar nomidan, qolaversa, oʻzimning nomimdan, ana shu muvaffaqiyatlarim bosh aybdori, hammamiz uchun hurmatli va aziz oʻrtoq Dadaboevga minnatdorchilik bildiraman!

Qars-qars qarsak boʻladi.

Direktorimiz qoʻli koʻksida ta'zim etadi.
— Oʻrtoqlar! — deydi. — Egizak farzandlarim otalari shonli kommunistik partiya safiga qabul etilgan ulugʻ ayyom kunlarda dunyoga keldi! Men shu ulugʻ sanaga bagʻishlab, egizak qizlarimga shonli kommunistik partiya asoschilaridan Roza Lyuksemburg bilan Klara Setkin otlarini qoʻyaman! Bir qizimni Roza qoʻyaman, bir qizimni Klara qoʻyaman!

Chalp-chalp chapak boʻladi.

Muallimlarimiz:
— Ura-a-a, ura-a-a! — deya chapak chaladi.

Direktorimiz haminqadar havolanadi.
— Ishonamanki, — deydi, — egizak qizlarim Roza Lyuksemburg va Klara Setkinlarday buyuk marksistlar boʻlib yetishadilar!

Oppoq soch odam tantanali vaziyatda direktorimizga Qizil Bayroq topshiradi.

Oppoq soch odam boʻysira boʻylab yuradi. Old saf bolalar bilan qoʻl berib koʻrishadi.
— Qutlayman, qutlayman! — deydi.

Oppoq soch odam bolalar kiyim-boshlariga razm soladi. Bolalar yuz-koʻzlariga razm soladi.

Nihoyat, oppoq soch odam men bilan muqobil boʻladi. Menga qoʻl uzatadi.

Men qoʻsh qoʻlimni-da choʻzaman. Oppoq soch odam qoʻlini qoʻshqoʻllab ushlab olaman.

Oppoq soch odam bosh-adogʻim boʻylab qaraydi. Bilinar-bilinmas bosh chayqaydi.
— Qoʻllaringizni qarang, qoʻllaringizni, — deydi. — Bu qoʻl emas — kosov boʻlibdi. Yelkalaringizni qarang, yelkalaringizni. Bir yelkangiz yuqori, bir yelkangiz quyi. Bu yelka emas — qingʻir-qiyshiq temir-tersak boʻlibdi. Qurib ketgur paxtadan nimalar kelmaydi-ya.

Oppoq soch odam rangi oʻchadi. Qizil Bayroq oldiga qaytib boradi.

Oppoq soch odam bolalarga oʻychan-oʻychan boqib qoladi.
— Bolalarim... — deydi.

Oppoq soch odam lablarini choʻchchaytirib-choʻchchaytirib oʻylab qoladi.
— Bolalarim... — deydi. — Men sizlarni bola deyishgayam tilim bormayapti. Sizlar kattalar hayotini boshdan kechirayapsiz. Siz koʻrayotgan kunlar bolalik emas — qarilik. Qachon boladay boʻlib kun koʻrasiz — unisini paxtadan soʻraysiz.

Oppoq soch odam direktorimizdan Qizil Bayroqni oladi.
— Bolalarim, manovi Koʻchma Qizil Bayroq. Oʻz oti oʻzi bilan Koʻchma, — deydi. — Koʻchma Qizil Bayroq shu vaqtgacha birovga vafo qilmadi — sizgayam vafo qilmaydi. Bir kilo kam tersangiz boʻldi — qoʻlingizdan boshqa birov qoʻliga koʻchib oʻtadi-ketadi. Shunday ekan, Qizil Bayroqqa koʻp sajda qila bermanglar. Qizil Bayroqni saqlab qolaman deb, koʻp kuchana bermanglar. Qoʻllaringizdan kelganicha tera beringlar.

Oppoq soch odam Qizil Bayroqni direktorimizga qaytib beradi. Qoʻllarini qorin qovushtirib-qorin qovushtirib turadi.
— Bolalarim, — deydi, — bizning yurtga Amir Temurlar kerak. Bizning yurtga Boburlar kerak. Bizning yurtga Ulugʻbeklar kerak. Juda, juda kerak! Ammo sizlar Temur boʻlolmaysizlar, sizlar Bobur boʻlolmaysizlar, sizlar Ulugʻbek boʻlolmaysizlar. Lekin yurtga toʻrt muchali bus-butun odamlar kerak. Lekin yurtga sogʻlom-sogʻlom odamlar kerak. Shunday ekan, oʻzlaringizni-oʻzlaringiz avaylangizlar, bolalarim!

Oʻninchi sinf yer tepib-er tepib qarsak chaladi.

23

Paxtakorlar yordamchilarga oʻligini tashlab oladi.

Dalada nima ish boʻladi — brigadir direktorimizga keladi.
— Paxta ortishga uchta bola bering.
— Paxta tushirishga ikkita bola bering.
— Dori sepishga bitta bola bering, — deyda. Brigadir aytmish ishlar qnyin ishlar boʻladi. Qiyin boʻlsa-da, bolalar men borayin-men borayin, deya talashadi. Boisi — bolalar bir kun boʻlsa-da, paxta terishdan qutulayin, deydi.

Direktorimiz bundaychikin ishlar uchun oz teruvchilarni joʻnatadi.

Ertalab brigadir tagʻin sargʻayadi.
— Samolyotga yoʻl koʻrsatuvchi bering, — deydi.

Bu safar katta bolalar oʻzlarini olib qochadi. Talashib-tortishmaydi.
— Jamoliddinov! — deydi direktorimiz. — Olgʻa! Men boʻysiradan otilib oldinlayman. Direktorimiz qalami uchi bilan meni bragadirga koʻrsatadi.
— Mana, manavnni oling! — deydi. Brigadir meni bosh-oyoq qarab oladi.
— Domla, buninshz gʻoʻzalar ichida koʻrinmaydiyu? — deydi.

Boʻysira piq-piq kuladi.
— Koʻrinadi! — deydi direktorimiz. — Bayroqcha dastasini uzunroq qilasiz — koʻrinadi!

Brigadir meni ulkan tutkunda oldiga ergashtirib boradi.

Tutkundada bir odam bayroq yasab oʻtiradi.
— Sopini uzunroq qil, — deydi brigadir. — Manavini boʻyiga qarab qil.

Bayroqchi odam boʻy-bastimdan lab buradi.
— Jonlirogʻi yoʻqmidi? — deya toʻngʻillaydi. Bayroqchi kaltarogʻini tashlaydi. Uzunroq xoda oladi. Xoda uchiga bir qulochlik choʻpni qoq belidan mixlab qoqadi. Uch qarichcha quyiroqdan tagʻin bir choʻpni bel qilib mixlaydi. Xoda bir tarafiga oppoq surp yoyib tikadi. Tagʻin bir tarafiga qizil surp yoyib tikadi.

Bayroq — qovunpalak qoʻriqlovchi misol boʻladi.

Bayroqchi bayroqni oldimga doʻqillatib qoʻyadi.
— Ana, daftar-qalam! — deydi.

Men bayroqni koʻtarib-koʻtarib koʻraman. Bir qoʻlim bilan koʻtarolmay, qoʻshqoʻllab arang koʻtaraman.

«Ogʻir boʻlsa-da mayli, — deyman. — Oʻlib paxta tergandan koʻra, shuni koʻtarib yura beraman».

Bayroqchi meni dalama-dala ergashtiradi. Yurajak yoʻllarimni tayinlaydi. Turajak joylarimni tayinlaydi. Bajarajak yumushlarimni bot-bot bayonlaydi.

Bayroqchi aji-buji dorilar bilan bulgʻanmish janda chopon beradi.
— Manavi tanapoʻsh, — deydi. — Jaydari tanapoʻsh. Tanapoʻsh chopon yirtiq-yirtiq boʻladi. Tanapoʻsh chopon qoʻlansa is-qoʻlansa is boʻladi.

24

Saharmardonda futbol maydon taraf chopaman. Fizika bilagimdan ushlab qoladi.
— Dalada... oʻsha dalada... — deydi. Oʻsha dala taraf chopaman.

Tutkunda ostidan bayroq bilan janda choponni olaman.

Oʻqariq boʻylab qadamlayman-qadamlayman—dala qoq boshida oyoq ilaman.

Salqin sabolar etimni uvushtiradi.

Shunda, elas-elas samolyot ovozi eshitaladi.

Xiyol oʻtadi — samolyot oʻzi keladi. Samolyot dala uzra bir aylanib qaytadi.

Samolyot endi meni moʻljallab keladi.

Men apil-tapil janda cholonni yopinaman. Bayroqni oldin yelkamga olaman. Undan boshim uzra koʻtaraman.

Bayroq ogʻirligidan dalbanglab-dalbanglab olaman.

Bor kuchim bilan kuchanaman. Tishimni tishimga bosaman. Ost labimni tishlab olaman. Yuzlarim lov-lov yonib turaman.

Janda chopon teshiklaridan moʻralayman — samolyot meni nishonlab keladi.

Samolyot bayroqqa tegayin-tegayin deya uchadi. Samolyot tizz-tizz dori sepib-sepib uchadi.

Men janda chopon yirtiqlaridan uchuvchini koʻraman.

Samolyot koʻtarila-koʻtarila olislaydi.

Men janda chopon ichidan kallamni chiqaraman.

Dimogʻim shunday bir zaharda qoladi, shunday zaharda qoladi!

Men kuchanib-kuchanib oʻqchiyman. Tomogʻimdan bir nima ana otilib chiqayin deydi, mana otilib chiqayin deydi.

Oʻqchiy berib-oʻqchiy berib, koʻz oldim qora boʻladi...

Ohista-ohista oʻzimga kelaman. Tevarak-boshimga nazar solaman.

Janda chopon sap-sariq boʻladi. Oʻqariq boʻylari sap-sariq boʻladi. Gʻoʻza barglari sap-sariq boʻladi.

Men bayroqchi bayonini karaxt-karaxt yodlayman: YaK-12 samolyot dori sepsa — naqd sakkiz qadam sanab tashlanadi. AN-2 samolyot dori sepsa — naqd yigirma uch qadam sanab tashlanadi.

Men chap taraf uzun-uzun qadamlayman. Sanab-sanab qadamlayman:
— Bir, ikki, uch...

Roppa-rosa yigirma uchinchi qadamda oyoq ilaman.

Boisi — bizning samolyot AN-2 boʻladi.

Men yigirma uchinchi qadamda bayroq koʻtarib tura beraman.

Samolyot boshim uzra tizz-tizz dori sepib oʻtadi.

Men ohista-ohista samolyotga el boʻlaman.

Men endi qabatma-qabat dalaga oʻtib turaman.

Samolyot bir sidra tizillatib oʻtadi...

Quyuq gʻoʻzalik-quyuq gʻoʻzalik dalalarda ikki bor dori sepiladi. Boisi —ilk dori gʻoʻza ust-ust barglarida qoladi. Qayta dori esa gʻoʻza osti barglarigachayin tushib boradi.

Ushbu dala ana shunday dala boʻladi.

Shu bois — men joyimda qimir etmay tura beraman.

Samolyot ikki sidra dori sepib oʻtadi.

Men janda choponni silab-silab koʻraman — kaftlarim binoyidak hoʻl boʻlmaydi. Men gʻoʻza barglarini ushlab-ushlab koʻraman — barmoqlarim binoyiday hoʻl boʻlmaydi.

Shu bois, bayroq dastasi uchidan ushlayman. Bayroqni toʻntarib olaman. Bayroq oq-qizilini oyoqlarim oldiga toʻntarib turaman. Bayroqdasta uchini peshonamga tekkizib turaman.

Ushbu holat mana bunday deydi:

«Samolyot binoyiday dori sepolmayapti,

samolyot binoyiday dori sepolmayapti!»

Uchuvchi bayroq tilini uqib oladi.

Samolyot boshim uzra tagʻin bir sidra tizillatib oʻtadi.

Bu safar binoyiday sepadi.

Kun tutlar uchini chalib ketadi. Nam salqindan fayz ketadi.

Gʻoʻza oralab-gʻoʻza oralab kelaman — ust-boshim shudring boʻlmaydi. Barg siypalab-barg siypalab kelaman — kaftlarim shudring boʻlmaydi.

Shu bois, bayroqni boshim uzra aylantiraman. Chapdan oʻngga aylantiraman. Doira suvratida aylantiraman:

«Barglarda shudring yoʻq — dori sepmang,

barglarda shudring yoʻq — dori sepmang!»

Endi bayroqni boshim uzra bir chapimga chayqayman, bir oʻngimga chayqayman.

«Dori sepish tamom boʻldi, dori sepish tamom boʻldi!»

Uchuvchi bayroq tilini uqib oladi. Uchuvchi samolyot qanotlarini sollantirib chayqab-sollantirib chayqab oladi:

«Angladim — dori sepish tamom boʻldi,

angladim — dori sepish tamom boʻldi!»

Uchuvchi ana shunday deya-deya, manzil-makoni taraf ravona boʻladi.

Men umrimda birinchi bor samolyotni ana shunday yaqindan koʻraman. Men umrimda birinchi bor uchuvchini ana shunday yaqinidan koʻraman.

Mendan saodatmand boʻlmaydi!

25

Yetarda bolalar havas bilan hol soʻraydi.
— Qanday? — deydi.

Men boshmaldogʻimni narra etib koʻrsataman.
— Mana bunday! — deyman. — Mazza!
— Uchuvchini-da koʻrdingmi?
— Koʻrmay nima! — deyman. — Uchuvchn menga mana bunday qilib qoʻl silkidi!
— Senga-ya?
— Esa-chi, menga boʻlmay kimga — menga-da!
— Sen nima qilding?
— Nima qilar edim— qoʻl silkidim-da!
— Yoril-e, ukkagʻar-e, yoril-e!

Ilgʻor terimchilar kuyib-kuyib qoladi.
— Uchuvchi-da shabkoʻr ekan-da, — deydi. — Kelib-kelib, oʻn bir kilochiga qoʻl silkiydimi?

26

Tagʻin kallai saharlab etik kiya-kiya tashqarilayman. Zinaga oyoq tashlayman...

Ohista koʻz ochaman. Koʻz qirim bilan yonboshlarimga qarayman.

Men muallimlarimiz yotogʻida yotmish boʻlaman.
— Bolani tezroq turgʻazish kerak, — deydi direktorimiz.
— Qoʻying, yotsin, — deydi muallim. — Bechora bola zinadan yomon uchib tushdi.
— Bovujud, yonboshi bilan tushdi.
— Boshi bilan tushsa kallasi yorilardi.
— U dorini butifos deb qoʻyibdi.
— Butifos yomon-e, yomon!
— Oʻrtoq direktor, endi bolani dori sepiluvchi dalaga yuborib boʻlmaydi.
— Onasini bilasiz — kimsan Bolxin terimchi.
— Bolxin terimchi boʻlsa nima boʻpti? — deydi direktorimiz.
— Bolxin terimchi obroʻ-e'tiborli ayol. Bolaga bir nima boʻlib qolsa, onasidan baloga qolamiz.
— Unda, kimni yuboramiz, aytinglar? — deydi direktorimiz. — Faqat oz teradiganlardan boʻlsin. Yoʻqlama daftarni oʻqiyman: Jalilov Xurram?
— Boʻlmaydi — otasi uchiga chiqqan arizaboz.
— Bir gap boʻlsa Toshkangacha yozadi.
— Yozishni qoʻying, idorama-idora chopadi.
— Oti katta bor — qabuliga kiradi.
— Unda, boʻlmaydi. Qoraboev Abil?
— Abil merganni oʻgʻlimi? E-e; qoʻying-qoʻying.
— Nimaga qoʻyamiz?
— Abil merganni bilmaysizmi?
— Bilamiz! — deydi direktorimiz. — Mergan boʻlsa kim boʻpti?
— Manavi sinf rahbaridan soʻrang, aytib beradi.
— Buyoq chin aytayappi, oʻrtoq direktor. Abil mergan odam emas. Bir safar bolasini darsda bir-ikki turtib edim — otasiga borib aytibdi. Bir. mahal Abil mergan uyimizga bostirib borsa boʻladimi. Yelkasida miltiq!
— Miltiq?
— Ha-da, miltiq boʻlgandayam — qoʻshogʻiz miltiq! Darvozadan, qani jallod deb baqiradi-da. Ayolimiz uyda yoʻq, desayam ketmaydi. Miltigʻini uyimizga peshlaydi. Tepkisini shaqur-shuqurlatadi. Oʻsha jallod buyoqqa bir qarasin, deydi.
— Qaradingizmi?
— Qarab boʻladimi! Merganga odam bilan boʻrini nima farqi bor — paqillatib otadi-qoʻyadi-da. Shundan buyon bolasini chertolmay qoldim.
— Xavfli shaxs, xavfli! — deya bosh saraklaydi direktorimiz. — Choʻliboev Ziyod?
— Bir qari onasi bor.

Direktorimiz shahodat barmogʻini nishlaydi.
— Ana shu boʻladi! —deydi. Muallimlarimiz tashqarilaydi.

27

Men tushlarda oʻzimga kelaman. Oshpaz qiz turgʻazib oladi.
— Tur oʻchoqqa oʻt yoq, — deydi. — Direktor tayinlab ketdi.

Oʻchoq qoshida choʻk tushib oʻt yoqaman. Qozonda bilq-bilq qaynamish shoʻrva koʻnglimni aynitadi.

Men oʻqchib-oʻqchib oʻt yoqaman.

28

Yoʻqlamada Ziyod yoʻq boʻladi.

Direktorimiz Fizika bilan Kimyoni dorilanuvchi dala joʻnatadi.

Muallimlarimiz hayallab-hayallab qoladi.

Direktorimiz bizni uxlatmay olib oʻtiradi.

Nihoyat, muallimlarimiz qaytib keladi.

Oldin Ziyod kirib keladi. Ostonada koʻzlarini uqalab-uqalab turadi. Mudrab-mudrab turadi. Gap yoʻq, soʻz yoʻq —oʻz toʻshagi taraf yuradi. Oʻzini tap etib toʻshakka tashlaydi.

Direktorimiz barmoq likillatib-barmoq likillatib oʻziga imlaydi.
— Ey, beri kel! — deydi. —Tur, beri kel!

Ziyod direktorimiz oldiga boradi. Tevarak-boshiga alanglaydi-alanglaydi — oʻzini xiyol oʻnglaydi. Alanglashidan — Zied tevarakda oʻtirmish bolalarni endi koʻradi.

Direktorimiz Ziyodni lunjidan choʻzadi.
— Mastmi deyman! — deydi. — Buni qaerdan topdilaringiz-e?
— Daladan topdik, — deydi Fizika. —Dalada odamzot qorasi yoʻq, lekin shu bor ekan.
— Choʻliboev, Choʻliboev, deb qichqirib edik, gʻoʻzalar ichidan shitir-shitir etib chiqib keldi, — deydi Kimyo.
— Qorongʻida gʻoʻza ichida nima qilib yuribdi ekan? — deydi direktorimiz.
— Nima qilar edi, uxlab qolibdi-da.
— Oʻl-e, shu kuningga-e! — deya baqiradi direktorimiz. — Dorilangan gʻoʻza ichidayam uxlaysanmi-a? Uxlash uchun boshqa joy qurib qolganmi-a?! Oʻl-e, bor-e, yot-e!!

Direktorimiz Ziyodni koʻksidan itarib yuboradi. Ziyod keti bilan gup etib tushadi.

29

Ziyod shu yotishida qaytib turmaydi. Ertasi-da turmaydi. Indini-da turmaydi. Joyidan qimir etmaydi. Koʻz ochmaydi, tuz totmaydi.

Men Ziyodni ogʻziga choy sovutib tutaman.
— Choy ich, Ziyod oshna, choy ich, — deyman. Ziyod lablarini olib qochadi.

Ziyod mumsik-mumsak kulimsinadi.

Ziyod shunday kulimsinadi, shunday kulimsinadi — beshikdagi chaqaloqday kulimsinadi!
— Tush. koʻrdim, Dehqonqul oshna, tush koʻrdim, — deya pichirlaydi.
— Tush koʻrding! Nima tush koʻrding?
— Samolyot koʻrdim, masalan.
— Elovrama, Ziyod oshna, elovrama. Somolyotni dalada koʻrib eding.
— Tushimda-da samolyot koʻrdim. Dehqonqul oshna, tushimda-da samolyot koʻrdim. Men tushimda samolyot haydar emishman, masalan. Oʻzimiz paxta terayotgan dalani aylanib-aylanib haydar emishman. Bolalar menga qoʻl silkib-qoʻl silkib qoʻyar emish. Men qoʻl silkimas emishman, masalan. Sababi — qoʻllarim rulda emish-da. Dehqonqul oshna, qoʻllarim rulda emish. Bor ovozim bilan ashula aytib-aytib samolyot haydar emishman. Direktor koʻk koʻsak gʻoʻzapoya oʻynatar emish... Ey, ichburugʻ, senga samolyot haydashni kim qoʻyibdi, der emish. Men parvo qilmas emishman, masalan. Direktor endi dagʻdagʻa qilar emish... Tush samolyotdan, der emish. Men ashula aytib-aytib samolyot hayday berar emishman. Samolyotimni aylantirib-aylantirib futbol maydonga qoʻndirar emishman. Futbol maydondan choʻnqayib-choʻnqayib oʻtargan beri beshinchi sinfni samolyotimga mindirib olar emishman. Men beshinchi sinfni mindirib uyimizga joʻnar emishman, masalan. Direktor ketimizdan gʻoʻzapoya oʻynatib qola berar emish...
— Meniyam samolyotingga mindirasanmi, Ziyod oshna?
— Mindiraman, Dehqonqul oshna, mindiraman, Faqat direktorni mindirmayman. Direktor qoʻl qoʻtarsa-da samrlyotimga mindirmayman, masalan...

30

Qosh qoraya berib-qosh qoraya berib, daladan qaytaman.

Ichkari hadahalayman — Ziyod oshnam holini soʻrayin deyman.

Ammo Ziyod oshnam joyida yoʻq boʻladi.

Tashqarilarni aylanib-aylanib qarayman — Ziyod oshnam yoʻq boʻladi.

Oshpaz qiz oʻchoq boshida hiq-hiq yigʻlab oʻtiradi.
— Ziyod ketdi, —deydi. — Ziyod endi qaytib kelmaydi...

Bolalar bir burchakda gʻuj boʻlib oladi. Nima qilishlarini bilmaydi.
— Nima qilib turibsizlar? — deydi oshpaz qiz. — Kosalaringni olib kelinglar, ovqat suzib beraman.
— Ziyod qani? — deyman.
— Ziyod ketdi, deyapman-ku, Ziyod ketdi...
— Ziyod qayoqqa ketdi?
— Ziyod... norasida ketdi!

Bolalar duvv-duvv yigʻlaydi. Bolalar hoʻng-hoʻng yigʻlaydi.

Yigʻlamagan bola qolmaydi.

Men bari aybni oʻzimdan koʻraman.
— Gʻoʻza ichida uxlama, deganimda, Ziyod oshnam ketmas edi... — deya yigʻlayman.

31-32

Bir oyogʻim toʻshakda boʻladi, bir oyogʻim futbol maydonda boʻladi.

Shunda, timirskilanib-timirskilanib yurmish qizlarga koʻzim tushadi.

Qizlar-da futbol maydonga qatnar boʻlibdi-da, deya oʻylayman.

Gap-soʻzlardan bilib olaman — yoʻq... unday emas boʻladi,

Bugun chin arafa boʻladi.

Qizlar burchak-burchaklarda toʻda-toʻda boʻlib soch yuvadi.

Qizlar saharda turnaqator dalalaydi. Qizlar bir xushroʻy boʻladi, bir xushroʻy boʻladi!

Qizlar qoshida koʻk-koʻk oʻsma boʻladi. Qizlar yuzida yalt-yalt moy boʻladi. Qizlar libosida boʻy-boʻy atir boʻladi.

Ayniqsa, oʻninchi sinf Zulayhodan xushboʻy-xushboʻy atir anqiydi.

Men beixtiyor Zulayho ketidan ergashaman. Zulayhoni toʻyib-toʻyib iskayman.

Zulayho egat tushadi.

Men Zulayho bnlan irgama-irga egat tushaman.

Men burnimni Zulayho tarafga qaratib-qaratib paxta teraman. Qoʻlim chanoqda boʻladi, burnim Zulayhoda boʻladi.

Men Zulayhoni iskab-iskab paxta teraman!

Men Ziyodni onasiga qoʻshilib yigʻlayman.
— Bari ayb mendan boʻldi, — deyman. — Gʻoʻza ichida uxlama, deganimda, Ziyod oshnam ketmas edi...

Men koʻzlarimni qoʻlim sirti bilan artib-artib yigʻlayman. Men Ziyodni ust-boshnga qarab-qarab yigʻlayman.

Shunda, koʻz oldim jimir-jimir etadi. Jimir-jimirni oftob ziyo deb boʻlmaydi.

Men tagʻin-da yaqin borib qarayman, Koʻzlarimni artib-artib qarayman.

Ziyodni ust-boshi gʻij-gʻij... bit boʻladi! Tikishlardan bit uradi! Yirtiqlardan bit uradi! Oftobiyord1 gʻimir-gʻimir etadi! Misoli nur jimirlamish boʻladi!

Yuzlarim lov-lov yonadi —Ziyod uchun-da orlanaman, oʻzim uchun-da orlanaman!

Boisi — badanimda gʻimirlamish bitlarim Ziyodni bitlaridan ziyod boʻlsa boʻladi — kam boʻlmaydi!

Men yuzlarimni chet buraman. Men koʻzlarimni olib qochaman.

Ziyodni onasi endi ovoz berib-ovoz berib yigʻlaydi. Shunda, shtabdan direktorimiz chiqib keladi.
— Nima gap, oʻrtoqlar? — deydi. Direktorimiz Ziyodni onasini koʻrib rangi oʻchadi.
— Bizda nima ayb, momo, — deydi direktorimiz. — Bizda nima ayb. Buni oʻz oti oʻzi bilan paxta fronti deb qoʻyibdi. Front qurbonsiz boʻlmaydi.

Direktorimiz Ziyodni onasi yelkasiga qoʻlini qoʻyadi.
— Bolani oʻzi paxta ichida qolibdi-da, — deydi direktorimiz. — Kim biladi, biron nimaga yoʻliqqanmi. Sizlar eskichani yaxshi bilasizlar-ku...

Men direktorimiz koʻrmasin deya, Ziyodni ust-boshini simdan tortib-tortib olaman. Boʻxchaga solib-solib qoʻyaman.

Direktorimiz Ziyodni onasini qishlogʻimizga qaytarib joʻnatmoqchi boʻladi.

Ammo Ziyodni onasi koʻnmaydi.
— Ulim yoʻliqqan joyni koʻrsatinglar! — deydi. Direktorimiz menga imo beradi.
— Mayli, olib bor, — deydi. — Keyin, qishloq yoʻliga solib yubor.

33

Men Ziyodni onasi oyogʻidan olib yuboraman.

Oʻzim eshak oldida boraman.

Ziyodni onasi Ziyodni yoʻqlaydi.
— Ziyod ketishidan oldin biron nima demab edimi? — deydi.
— Deb edi, — deyman.

Ziyodni onasi birdan sergaklanadi, Ziyodni onasi taqqa noʻxtani tortadi.
— Nima deb edi? — deydi. — Ayt, nima deb edi?
— Dehqonqul oshna, seni samolyotimga mindiraman, deb edi.
— Tagʻin nima deb edi?
— Tagʻin, direktorni samolyotimga mindnrmayman, deb edi.

Ziyodni onasi zarda bilan eshak niqtalaydi.

Men dorilangan dala boshida oyoq ilaman.

Ziyodni onasi eshagidan imillab yerlaydi. Yerda serrayib qoladi. Tevarak-bosh qaraydi.

Ziyodni onasi tutlar orasida paypanglab alanglaydi. Ziyodni onasi oʻqariqlarda paypanglab alanglaydi. Ziyodni onasi gʻoʻzalar ostida paypanglab alanglaydi.
— Bu joyni oti nima? — deydi.
— Paxtazor, — deyman.
— Paxtazorda paxtadan boshqa nima boʻlmasa, ulim nimaga yoʻliqadi?

Ziyodni onasi kaftini peshonasi soyabonlab qaraydi. Biron-bir nima topamanmi, deydi— topolmaydi.

Ziyodni onasi sukut olib quloq soladi. Biron-bir nima eshitamanmi, deydi — eshitolmaydi.

Ana shunda Ziyodni onasi paxtazor qarab-paxtazor qarab chaqiradi:
— Ziyod-u-u-u!

Men Ziyodni onasi qoʻlidan tortib-tortib yigʻlab qoʻya beraman.
— Yuring ketamiz, momo! — deyman. — Yuring ketamiz, hozir samolyot keladi!

Ziyodni onasi gapimni korlamaydi. Entikib-entikib chaqiradi:
— Ziyod-u-u-u!

Ziyodni onasi oʻpkasi toʻlib-toʻlib chaqiradi:
— Ziyod-u-u-u!

73

Men bir amallab Ziyodni onasini eshakka mindiraman. Men bir amallab eshak noʻxtasidan yetaklab olaman.

Ziyodni onasi paxtazorga boqib-boqib yigʻlaydi:
— Voy bolam-ay, paxtaga yoʻliqqan bolam-ay!..

Ziyodni onasi paxtazorga aytib-aytib yigʻlaydi:
— Voy bolam-ay, paxta urib ketgan bolam-ay!..

Toʻrtinchi bob

1

Yer haydasang kuz hayda, kuz haydamasang yuz hayda!

Oʻynab qoʻyay! Maqoldan-da oʻynab qoʻyay, shu maqolni aytmish eldan-da oʻynab qoʻyay!

Men dalalarimga temirtish soldim. Dalalarimni qirq santim oʻyib haydadim.

Qirq santimdan chuquri havo koʻrmagan yer boʻladi. Suv koʻrmagan yer boʻladi. Oʻlik yer boʻladi!

Yer chuqur haydalsa — ana shu oʻlik yer yuzalab-yuzalab qoladi.

Oʻlik yerda chigit qiygʻos unmaydi. Oʻlik yerda gʻoʻza oʻz vaqtida yetilmaydi. Oʻlik yerda paxta hayallaydi.

Men temirtish bilan dalalarimni yonboshlab-yonboshlab haydadim. Men temirtish bilan dalalarimni palaxsalab-palaxsalab haydadim.

Dalalarim osti ustun boʻldi, dalalarim usti ostin boʻldi.

Dalalarimda koʻrsichqonlar oʻrmalab chopdi. Dalalarimda koʻrsichqonlar yoʻrgʻalab chopdi.

Ha, oʻynab qoʻyay, bidir-bidir yoʻrgʻalashlaringdan, oʻynab qoʻyay, dedim.

Koʻrsichqon yer kovlay beradi, yer kovlay beradi — dalalarimni muloyimlayda-da. Koʻrsichqon bir yer osti, bir yer usti boʻylab bidirlay beradi-bidirlay beradi — yer osti havo yoʻllarini ochadi-da. Koʻrsichqon yer ostini shamollatib-shamollatib turadi-da.

Shu boisdan koʻrsichqon bor dala semiz-semiz keladi. Koʻrsichqoni bor dala unumli-unumli keladi.

Dalalarim gʻimir-gʻimir chuvalchang boʻldi.

Men tagʻin-da xushvaqt boʻldim — chuvalchang bor dala dalamisan-dala boʻladi. Chuvalchang bor dala dalalar gultoji boʻladi. Chuvalchang bor dala dalalar xoʻrozi boʻladi!

Boisi — chuvalchang yerda bor boʻlmish jami nimani chiritib-chiritib oʻgʻit etadi. Chuvalchang yerni qayta-qayta ishlaydi. Chuvalchang yerni mayin-maynn saqlaydi.

Dalalarimda oppoq-oppoq qurtlar-da boʻldi.

Temirtish izidan qargʻalar ergashdi. Temirtish izidan qushlar ergashdi.

Qargʻalar oqqurt ovlab yedi. Qushlar chuvalchang terib yedi.

Men qargʻalar qilmishidan rozi boʻldim — oqqurt hesharotlar onasi boʻladi. Katta boʻlsa, qanot olib uchadi.

Qosh qoraydi.

Men traktor chiroqlarini yondirdim.

Chiroq yorugʻida tulkilar qora berdi.

Tulkilar temirtish ketidan ergashdi. Tulkilar qoʻngʻiz terib-qoʻngʻiz terib yedi.

Tulkilar qaerdan keldi, qachon keldi —unisini yolgʻiz tovuqlar bildi.

2

Uyimizda nimamizdir yoʻqday boʻldi, uyimizda nimamizdir kamday boʻldi.

Bola-baqralarimni qaradim, — bari omon-eson boʻldi.

Mol-hollarimni sanadim — bari tugal boʻldi.

Tovuqlarimni sanadim — tovuqlarim-da tugal boʻldi.

Unda kimim yoʻq boʻldi, unda nimam yoʻq boʻldi?

Men oʻylab-oʻylab topdim — ayvonimiz shipida hayot qechiruvchi qaldirgʻochlarimiz yoʻq boʻldi.

Qaldirgʻochlarimiz qayoqqa ketmish boʻldi?

Qayoqqa boʻlardi — Afgʻonistonga-da. Amudaryo oʻng beti Afgʻoniston-da. Iliq yurt oti boʻladi — qaldirgʻochlar yurti boʻladi-da.

Qaldirgʻochlar afgʻon yurtga safarlabdi — kuz oxirlabdi-da.

3

Bir dalam yuzi oppoq-oppoq boʻldi. Bu ne boʻldi? Erta tushmish qor boʻldimi yo qirov boʻldimi?

Bir vaqtlar ana shu dalam gʻuj-gʻuj qamishzor edi. Qirgʻovulzor edi.

Denovdan besh-olti qur keldi. Qurlar ana shu qamishzorni tep-tekisladi. Pol-polladi. Sholipoya etdi.

Qamishzorda shundayam sholi boʻlmoqlik qildi, shundayam sholi boʻlmoqlik qildi-e! Qurlar oʻz sholisini oʻzi tashib ololmay qoldi!

Shunda qurlar bizga-da bir xaltaday guruch berdi.

Ana shunda qozonimiz guruch koʻrganday boʻldi! Ana shunda qornimiz palov yeganday boʻldi!

Ammo... kattalar qurlarni koʻp koʻrdi.
— Oʻzbekiston Quriya emas! — deya doʻqladi.

Shu-shu — qurlar qorasini qaytib koʻrsatmadi.

Sholipoya paxtazor boʻldi.

Men mazkur dalamni suvlab edim — yer usti suvni yer ostiga qarab singdi-singdi — yer osti suvi bilan qoʻshildi. Shunda, yer osti suvi tuproq qil-qil nozik yoʻllaridan yer betilab keldi. Yer osti suvi yer betida bugʻlandi-bugʻlandi — havolab uchib-uchib yoʻqoldi.

Yer betida ana shu oppoq-oppoq tuzlar qoldi.

Men ushbu dalamni uchta polladim. Pollarni tizza boʻy-tizza boʻy marzaladim. Marzalarni bel yuzi bilan tars-tars urib zichladim.

Pollarni aylantirib ariq qazidim. Ariq endi bir ketmon enicha boʻldi. Ariq chuqurligi tizza boʻyicha boʻldi.

Uchta polni-da labolab-labolab suvladim. Koʻllatib-koʻllatib suvladim.

Kechayu kunduz pol aylandim. Marzalab boʻylab-boʻylab aylandim.

Suv marzalarni urib keta berdi-urib keta berdi.

Men suv urib ketmish joylarni ketmon bilan bitay berdim-bitay berdim.

Suv koʻlladi-koʻlladi — dalam shoʻrini ostiga bosib-bosib yubora berdi. Dalam shoʻrini yer oʻlik qatlamiga choʻktirib-choʻktirib yubora berdi.

Yer betida qolmish shoʻrni esa soʻrib-soʻrib ola berdi. Oqova suv boʻlib oqib-oqib keta berdi.

Shoʻr dalamni ikki bor ana shunday koʻllatib-koʻllatib suvladim.

Shoʻr dalam shoʻrdan forigʻ boʻldi.

4

Dalalarim uzra mezonlar uchmay qoldi. Dalalarim uzra sokin ham gʻamgin bir holat choʻkdi.

Dalalarim mudrab-mudrab oldi.

Dalalarim koʻz ilib-koʻz ilib oldi.

Dalalarim uyquga ketdi.

Men endi dalalarimga qoʻl urishdan tiyildim.

5

Dalalarimdan qor aridi.

Uzun qish qorayib-qorayib yotmish dalalarim yerrang-errang boʻldi.

Dalalarimda omonat-omonat qotib yotmish kesaklar umalib-umalib tuproq boʻldi.

Dalalarim koʻpchib-koʻpchib qoldi.

Dalalarim toʻlgʻondi.

Dalalarimdan oppoq-oppoq hovur havolandi. Dalalarimdan elas-elas ovoz havolandi.

Ovoz dalalarim ostidan keldimi yo olislardan keldimi — bilib boʻlmadi.

Dalalarim xoʻrsindi.

Ovozda rang-roʻy-da boʻlmadi, ovozda boʻy-bast-da boʻlmadi. Ovoz deyin dedim — ovozga mengzamadi, ovoz demayin dedim—ovoz shunday peshonamdan keldi.

Dalalarim entikdi.

Dalalarim uygʻondi. Dalalarim koʻz ochdi.

Dalam meni imladi, dalam meni chorladi.

6

Bir tonna goʻngga yigirma kilo kaliy aralashtirdim, yigirma kilo fosfor arashlatirdim.

Dalalarimga sepib-sepib tashladim.

Yer — xamir, oʻgʻit — xamirturush boʻldi.

Dalalarimni takror shudgorladim. Dalalarim chet-chetlari chala qolmasin uchun chorsilab-chorsilab shudgorladam.

Shudgor ketidan Dilnavoz soldim.

Dilnavoz — dlina bazovoy gridyor noj — 4, degich texnika. U yer tekislaydi. Uzunligi oʻn qadamni oladi. Toʻrt oyogʻi bilan toʻrt qulochlik ketmoni boʻladi.

Bundaychikin bir quloch otni aytish uchun menda til qani? Bundaychikin otni aytish uchun menda vaqt qani? Bundaychikin otni aytaman degunimchayin kun kech boʻladi!

Shu boisdai men uni Dilnavoz, deya atadim. Men ana shu Dilnavozim bilan shudgorni koʻndalanglab-koʻndalanglab haydadim. Shudgorni belidan qirqib-belidan qirqib haydadim. Dilnavozim bilan shudgor havorladim.

7

Qish oladan, yoz moladan, deydilar. Bu demak — qishda yer suvlasang ola qoldirma, koʻklamda yer haydasang bemola qoldirma, demakdir.

Boisi — koʻklami shudgordan keyin yer oralari havol-havol boʻlib qoladi. Ana shu havollardan shamol kiradi-kiradi — yer nami qochib qoladi. Yer namini saqlab qolish uchun esa shudgorni boronalash lozim boʻladi.

Men shudgorni boronaladim.

Dalalarim kaftday-kaftday boʻldi. Dalalarim moyak qoʻysa koʻrinar boʻldi.

Ammo bir boronani oʻzi kifoya etmaydi. Endi molalash lozim boʻladi. Mola yer namini ost qabatidan ust qabatiga koʻtarib beradi. Mola yer yuza kesaklarni maydalab-maydalab beradi.

Men endi dalalarimni molaladim.

Dalalarim sumalakday-sumalakday boʻldi.

Joʻya olib ekilmish gʻoʻza oʻn-oʻn besh kun oldin yetiladi. Joʻya olib ekilmish gʻoʻza oʻn-oʻn besh kun oldin ochiladi. Joʻyada unib chiqmish gʻoʻza oftob taftini tez oladi.

Shu bois, traktor bilan joʻya oldim.

Dalalarim kokilday-kokilday boʻldi.

8-9

Chin, dalalarim qishi bilan qor suv ichdi. Chin, dalalarim qishi bilan yomgʻir suv ichdi.

Ammo suv bilan suv bor-da. Masalan, hovuz suv gʻozsiz suv boʻladi. Odam hovuz suvdan ichsa — suv ichganday boʻlmaydi.

Odam oqar suvdan ichsa — badani jimir-jimir etadi. Badani yayraydi!

Oqar suvdan miya toʻladi. Oqar suvdan miya ravshan tortadi.

Oqar suvda jon bor-da!

Shu bois, dalalarimga yaxob suv berdim.

Joʻyalardan jildiratib-jildiratib yaxob suv oqizdim.

Dalalarim bir hafta yaxob suvladi. Dalalarim bir hafta zaxlab suvladi.

Ana endi dalalarim donador-donador boʻladi.

Ana endi dalalarim serkesak-serkesak boʻladi. Donador dala namdor dala boʻladi. Suv ana shu donalar oralab yer singadi. Havo ana shu donalar oralab oʻtadi.

10

Tukli chigit boʻladi, tuksiz chigit boʻladi.

Tuksiz chigit boʻlali-boʻlali boʻladi. Tuksiz chigit zalvorli-zalvorli boʻladi.

Tuksiz chigit bexato oladi, tuksiz chigit bexato koʻkaradi.

Dalalarim uchun ana shu tuksiz urugʻ chigit keldi.

Men omborimni shamollatdim. Dorilab yuvdim. Ohak bilan oqladim.

Omborimga taxta toʻshadim. Taxta ustiga chigit yoydim.

Men bosh-adoq tanapoʻsh kiydim. Rezina etik kiydim. Qoʻlqop kiydim. Koʻzoynak taqdim.

Urugʻ chigitni hovuz soldim. Formalin degich quruq dori bilan doriladim.

Badboʻydan-badboʻy doridan oʻqchib-oʻqchib oldim.

Shiypon oldida bir qarich qalin yoydim. Ustidan purkagichda suv sepdim. Yogʻoch kurak bilan ostin-ustun agʻdardim. Betinim suvladim.

Urugʻ chigit suvdan toʻydi.

Ivitilmish chigitni tizza boʻy toʻpladim. Tagʻin suvladim.

Chigit tomiriga ildizkana kiradi. Tomirni yeydi-eydi — egri-bugri yara etadi. Chigit qoramtir-qoramtir boʻlib qoladi.

Bunday chigit koʻkarmaydi.

Ana shu ildizkanani daf etish uchun chigitnn geksaxloran bilan doriladim.

Chigit unib qolmasin deya, shamollatib-shamollatib oldim.

11

Traktor ketiga toʻrt qutilik urugʻsepgich taqdim.

Bir qutiga oʻn besh kilodan chigit soldim.

Bir vaqtlar chigit bilan gerbitsid aralashtirdim. Chigit yer koʻrdi — ayni vaqtda chigit bilan gerbitsid-da yer koʻrdn.

Xlorfenidim degich och kulrang gerbitsid bir-ikki pallali begona oʻtni oʻn-oʻn besh kun yer ostida bosib turdi. Dixlorfenidim degich kulrang gerbitsid koʻp pallali begona oʻtni oʻn-oʻn besh kun yer ostida bosh koʻtartirmay turdi.

Gerbitsid yer ostada bir yarim oycha turdi — ammo begona oʻtni tamoman yoʻqotolmadi.

Yomondan-yomoni — gerbitsid begona oʻt bilan barobar oʻn-oʻn besh kun chigitni-da undirmay turdi. Gerbitsid paxtani oʻn-oʻn besh kun hayallatdi.

Shu bois, men endi gerbitsid bahridan oʻtdim.

Kattalardan lalmi-lalmi doʻqlar eshitdim.

Ammo gapimni qaytib olmadim.

12

Havo bilan yer harorati oʻn darajadan ostida chigit boʻrtadi — ammo koʻkarmaydi. Chigit boʻrtik-boʻrtikligicha chirib tamom boʻladi.

Harorat oʻn ikki-oʻn toʻrtda chigit eksa boʻladi.

Ayni kunlar ana shunday kunlar boʻldi!

Chin, dalalarimda harorat oʻlchagichim boʻlmadi. Harorat oʻlchagichga kunim-da qolmadi.

Men dalalarim haroratini vujud-vujudim bilan bildim. Men dalalarim haroratini tan-jonim bilan tuydim.

Men dalalarim haroratini yerdan bir hovuch tuproq olib bildim.

Vujud-vujudlarim aytdi, kaft-kaftlarim aytdi: ana endi ek, dedi. Bugundan hayallasang — dala beti qurib qoladi, dedi. Soʻgʻin, chigit kech unib chiqadi, dedi. Undan soʻgʻin, koʻkartirish uchun chigit suv berish lozim boʻladi, dedi. Unda-da soʻgʻin, chigit suv dalani qotirib tashlaydi, dedi. Oqibat —chigit yoppa baraka unib chiqmaydi, dedi. Yomondan-yomoni — kech ekilmish chigit kamhosil boʻladi, dedi.

Men traktorni dala oʻngardim.

Uch santimdan sayoz chigit ekib boʻlmaydi. Dalabet darrov nam oldiradi. Chigit namsiz betda qoladi. Hadeganda koʻkara bermaydi, Koʻkarsa-da — yoppa baraka koʻkarmaydi. Bitta-bitta koʻkaradi. Oqibat — gʻoʻza siyrak-siyrak boʻlib qoladi.

Besh santimdan chuqur-da ekib boʻlmaydi. Besh santim chuqurga harorat yetmaydi. Besh santim chuqur ohista-ohista qiziydi. Oqibat chigit-da ohista-ohista unadi.

Besh santim chuqurni yorib chiqish chigit uchun it azob boʻladi!

Shu bois, men toʻrt santim chuqurlikda chigit ekdim.

Bir qadam pushtaga yigirma-yigirma beshtadan chigit tushdi.

Chigit nima uchun bilonihoya-bilonihoya tushdi?

Masalan, yil seryomgʻir keldi. Dala sernam keldi.

Bir-ikkita chigit sernam daladan boʻrtib chiqolmaydi. Bir-ikkita chigit sernam daladan yorib chiqolmaydi. Chigit quvvati yetmaydi.

Yer ogʻir-da, yer ogʻir.

Masalan, zil-zambilni bir-ikkita odam koʻtaroladimi? Koʻtarolmaydi. Koʻpchilik boʻlsa — dast koʻtaradi.

Chigit-da shunday-da! Chigit bilonihoya boʻlsa — yerni dast koʻtaradi. Chigit bilonihoya boʻlsa — yerni quvvat bilan yorib chiqadi.

Dalalarimni chigit dori isi bosdi.

Men oʻqchib-oʻqchgab chigit ekdim.

13-14

Darvozamizdan ichkarilab edim — Oysuluv qizimiz peshvoz chopib keldi.
— Ota, suyunchi bering, qaldirgʻochlarimiz keldi! — dedi.

Dahlizimiz shipiga nazar soldim — chini bilan inda bir qaldirgʻoch boʻldi. Tagʻin ikkita qaldirgʻoch shiplar aro uchib yurdi.

Koʻzim quvondi.
— Oʻynab qoʻyay, oʻynab qoʻyay… — deya pichirladim, Qaldirgʻochlar chindan-da oʻzimizni qaldirgʻochlarmi yo begonami, deya sinchiklab-sinchiklab qaradim.

Qaldirgʻochlarda ulgi-da boʻlmadi, tamgʻa-da boʻlmadi.

Chin-da — Qaldirgʻochlar kiyim kiymaydilar. Qaldirgʻochlar soʻylamaydilar. Qaldirgʻochlar kulmaydilar.

Shunday boʻlsa-da, men ich-ichimdan tuydim: uyimizni topib kelibdi — oʻzimizni qaldirgʻochlar boʻladi-da.

Qaldirgʻochlarimiz boshimiz uzra uchdi. Charx-charx uchdi. Gir-gir uchdi.

Qaldirgʻochlarimiz inlarida qator boʻlib oʻtirdi. Qaldirgʻochlarimiz bizga moʻralab-moʻralab oʻtirdi. Qaldirgʻochlarimiz bizga moʻlt-moʻlt oʻtirdi.

Men tashqarilayotib edim — bir qaldirgʻochimiz boshim uzra chirq-chirq aylandi. Qaldirgʻoch qanotlari telpagimga tega-tega aylandi.

Qaldirgʻochimiz men bilan salom-alik qildi-yov!

Qaldirgʻoch qanotlar havosi peshonamni silab-siypab aylandi.

Qaldirrochimiz men bilan oʻpishib-oʻpishib koʻrishdi-yov!

Men kula-kula koʻzlarimni chirt yumdim. Men kula-kula betlarimni chet burdim.
— Xush koʻrdik, jonivorlar, xush koʻrdik! — dedim.

Dalalarimga vakil kelar boʻldi.
— Elburutdan vakilga pishirib qoʻyibdimi, — dedim. — Hali chigit ekib boʻlmagan boʻlsak.
— Endi, xoʻjaligimiz gullab-yashnaydi! — dedi raisimiz. — Rayon vakili oʻzimizdan boʻldi.
— Qani, eshitaylik, qani? — dedim.
— Oʻrtoq Klara Xodjaevna rayon partiya komiteti uchinchi sekretari boʻldilar. Ayni vaqtda xoʻjaligimizga vakila etib tayinlandilar.
— U kishi oʻzimizdanmi? — dedim.
— Oʻzimizdan-da. Maktab direktori bor edi-ku, oʻsha direktorni qizlari-da.
— E, ha, boʻldi! — dedim. — Rahmatlik maktab di-ektorimizni farzandlari-da?
— Ha-a, kallangizdan! Ana oʻsha maktab direktorini qizlari!
— Rahmatlik maktab direktorimizni qizlari koʻp edi, qaysi biri boʻldi?
— Oʻrtoq Klara Xodjaevna! Roza Xodjaevna obkomda ishlayaptilar!
— Boʻldi-boʻldi, — dedim. — Egizaklar-a? Esladim-esladim.

Raisimiz shiypon oldini saranjom-sarishtaladi.
— Eshaklar koʻzdan panaga olinsin! — dedi. Dehqonlarimiz eshaklarini Jarariqqa boylab keldi.

Samad bobo qirchangʻi otini yetaklayotib edi, raisimiz oʻng qoʻlini koʻtardi.
— Ot tursin! Ot— madaniy hayvon! — dedi.

15

Shiyponimiz oldida mashinalar qator boʻldi.

Old mashinadan bir ayol tushdi.

Ayol kelishimli-kelishimli boʻldi. Ayol turmaksoch-turmaksoch boʻldi.

Ayol turmaksochlari qaldirgʻochlarimiz uyasiday-uyasiday boʻldi.

Ayol shiyponimiz tevarak-boshiga qarab-qarab oldi.
— Normalno, normalno! — dedi.

Ayol qoʻl uzatib koʻrishdi-koʻrishdi — men bilan muqobil boʻldi.

Men ayolni qizim-qizim, deyin dedim — katta odamni qizim deyish uchun tilim boʻlmadi.

Men ayol otiga xon yo gʻul qoʻshib aytayin, dedim — fargʻonachi boʻlmadim.

Boʻldim-boʻldim, surxoni boʻldim — baycha deyin-da.
— Qani, yo, bismillo! — deya qoʻshqoʻllab koʻrishdim. — Omonginamisiz, Klarabaycha? Vaqtiginangiz xushmi, Klarabaycha? Oʻynab-kulibgina yuribsizmi, Klarabaycha?..
— Nima-nima?
— Klarabaycha?

Ayol lab burdi. Ayol qosh kerdi.
— Baycha? Kakaya baycha? — dedi. — Men Klara Xodjaevnaman!

Men nima deyishimni bilmadim. Men koʻz ostimdan raisimizga qaradim.

Raisimiz uzr soʻra, deya qoʻlini koʻksiga qoʻyib ishora berdi.

Men darrov oʻng qoʻlimni koʻksimga qoʻydim.
— Tavba qildim, — dedim.

Ayol ana shunda yuzimga tikilib qaradi!

Ayol sergaklandi. Ayol qizarib-boʻzardi. Ayol... irgandi!

Ayol koʻzlarini olib qochdi. Ayol dalalar uzra razm soldi. Ayol ohista-ohista bosh irgʻadi.
— Oʻrtoq rais? —deya majnuntollar taraf yoʻl oldi.

Raisimiz labbaygoʻy boʻlib-labbaygoʻy boʻlib bordi.

Ayol majnuntollar ostida odimladi.

Raisimiz ayol ketrogʻida odimladi. Ayol ogʻziga qarab-qarab odimladi.

Tagʻin, kattalar chaqirsa eshitmay qolmayin deya, majnuntollar ortidan borib turdim. Kattalar yoʻtalsa boʻldi — chopqillab boraman deya, qulogʻimni ding etib turdim.
— Mash'al brigadiringiz shumi, oʻrtoq rais? — dedi ayol.
— Shul-shul, — dedi raisimiz. — Dehqonqul shul!
— Dehqonqul... klassicheskiy ot! Lekin shu…
— Chin, picha oʻqimagan, chin.
— Gap oʻqishda emas, oʻrtoq rais. Yuqoridan partiya-hukumat arboblari tashrif buyurib, ilgʻor paxtakoringizni koʻrsating desa, qanday qilib koʻrsatamiz?
— Koʻrsata beramiz, nima qipti?
— Institutda estetikadan necha baho olgansiz? Toʻgʻri, avvalo mehnat. Lekin mehnat oʻz yoʻliga; Ilgʻor paxtakor uchun tashqi koʻrinish ham kerak. Ilgʻor paxtakor partiya-sovet arboblari bilan qoʻl olib-qoʻl beradi. Ilgʻor paxtakor majlislarda, matbuotda chiqishlar qiladi. Bu koʻrinish bilan qanday qilib chiqish qiladi?
— Bet-boshi tuppa-tuzuk-ku, Klara Xodjaevna?
— Ilgʻor paxtakoringiz betidan buzilgan pes-ku? Koʻnglimni aynitib yubordi-ya!.. Raisimiz... bet-boshimni oqladi.

16

Oʻzbekiston oʻz oti oʻzi bilan janub boʻldi.

Bizning Surxon janubni janubi boʻldi.

Surhon jaziramasi jaziramani jaziramasi boʻldi.

Surxon saratoni saratonni saratoni boʻldi.

Toshkent radiosida harorat oʻttiz boʻldi, bizning Surxonda qirq boʻldi.

Toshkent oynaijahonida harorat qirq boʻldi, bizning Surxonda ellik besh boʻldi.

Surxon saratoni koʻz ochirmadi. Surxon saratoni kiprik qoqtirmadi.

Koʻz ochmasa, tagʻin boʻlmadi — gʻoʻza qarab turmadi!

Gʻoʻza kun sanadi! Gʻoʻza uchun har bir kun gʻanimat boʻldi.

Men koʻzlarimni qisib-qisib ketmon chopdim. Men qoʻzlarimni qisib-qisib gʻoʻza oʻtoqladim. Men koʻzlarimni qisib-qisib paxta terdim.

Jazirama jingirtob-jingirtob qafsiga oldi.

Men bor hol-quvvatim bilan koʻz qisdim. Men bor diqqat-e'tiborim bilan koʻz qisdim. Men bor aql-farosatim bilan koʻz qisdim.

Shunda, peshonamda chuqur-chuqur ajinlar chiziq tortdi. Shunda, yonoqlarimda uzun-uzun ajinlar chiziq tortdi. Shunda, lablarimda mayda-mayda ajinlar chiziq tortdi.

Butun bet-boshim bij-bij ajin boʻldi. Butun bet-boshim gʻuj-gʻuj ajin boʻldi.

Bet-boshim bet-bosh boʻlmadi — darz-darz yer boʻldi. Bet-boshim bet-bosh boʻlmadi — qaqroq-qaqroq yer boʻldi. Bet-boshim bet-bosh boʻlmadi — shoʻr-shoʻr yer boʻldi!

Men qirq daraja saratondan ana shu ajinlarim ostida kun koʻrdvm. Men ellik daraja jaziramadan ana shu ajinlarim ostida jon omonladim.

Men chilla deya atalmish doʻzaxdan ana shu ajinlarim ostida jon hovuchladim.

Saraton kuydira berdi-kuydira berdi — oʻlmagan ana shu ajinlarim boʻldi.

Men soya-salqinda bet-boshimni boʻsh-boʻsh qoʻydam. Men soya-salqinda koʻzlarimni emin-emin ochdim.

Ana shunda qop-qora ajinlarim yoyildi. Ana shunda qop-qora ajinlarim ostida tilim-tilim yoʻllar koʻrinish berdi. Ana shunda qop-qora ajinlarim ostida taram-taram yoʻllar koʻrinish berdi. Ana shunda qop-qora ajinlarim ostida halqa-halqa yoʻllar koʻrinish berdi. Tilim-tilim yoʻllar qizgʻish-qizgʻish boʻldi. Taram-taram yoʻllar oqish-oqish boʻldi. Halqa-halqa yoʻllar oqimtil-oqimtil boʻldi.

Ilk bor koʻrmish odam betidan buzilibdi, deya oʻyladi...

17

Ayol bilan raisimiz oldin-ketin qaytib keldi.
— Molodets, mash'al brigadir! — dedi ayol. — Partiya-hukumatimizga ana shunday quyoshda toblangan paxtakorlar kerak!
— Qulluq, —dedim.
— Bizga qanday xizmatlar bor?
— Xizmat yoʻq. Bari nima toʻkin-sochin.
— Ishlaringizga muvaffaqiyat tilayman!
— Tagʻin bir qulluq.

Ayol dalalarimni qaradi. Oqtuproq dalam ekuvsiz ekanini bilib qoldi.
— Nega hozirgacha chigit ekilmagan? — dedi. Raisimiz qirinib yoʻtaldi. Bayon etish uchun shaylandi. Yana-tagʻin menga qaradi — oʻzing ayt, degan boʻldi.

Men nima deyin?

Rahmatlik maktab direktorimizni qizginasi, chin, oqtuproq dalam ekuvsiz yotibdi, boisi — qurib-qaqshab yotibdi, oppoq changib yotibdi, deyinmi? Oqtuproq dalam mirob marhamatini qarab yotibdi, deyinmi?

Men miq etmayin qarab tura berdim.
— Maza yoʻq-ku, mash'al brigadir? — dedi ayol. Endi nima deyin?

Oʻynab qoʻyay, rahmatlik maktab direktorimizni qizginasi, oʻynab qoʻyay, oqtuproq dalamga ayni shu holida chigit ekayin — chigitim unmaydi, deyinmi? Chigitim unsa-da, uch-toʻrt koʻsaklikkina nimjon gʻoʻza boʻladi, hosili bir terimdan ortmaydi, deyinmi?
— Bu dalamiz oqtuproq dala... — dedim. Oʻynab qoʻyay, qaldirgʻoch uya turmakkinangizdan oʻynab qoʻyay, mirob oldin suv bersin, men oldin oqtuproq dalamni suvlayin, keyin toblayin — ana undan keyin ekayin, deyinmi?
— O, tem bolee, oqtuproq! — dedi ayol.
— Shunday, shunday, — dedim.
— Oqtuproq yerga birinchi boʻlib ekish kerak! Ekkanda ham tigʻiz ekish kerak! Toʻgʻrimi, oʻrtoqlar?
— Dono fikr! — dedi raisimiz. — Hikmatli gap!

Men nima deyishimni bilmadim - tilim aylanmay qoldi.

Ayol oʻng qoʻl oppoq qoʻlqopini sugʻurdi. Yerga qoʻl uzatdi.
— Qani, koʻraylik-chi, —dedi.

Ayol bir siqim tuproq oldi. Yuzlari oldiga olib keldi. Sinchiklab tikildi.
— O, mash'al brigadir! — dedi. — Bu yer emas asal, asal! Shunday asal yerni kuttirib oʻtiribsiz-a. Yaxshi emas, mash'al brigadir, yaxshi emas.
— Ekamiz, ekamiz, — dedim.
— Eking, kechiktirmay eking! Anavi turgan traktor chigit ekadimi? Oʻshani tez buyoqqa olib keling!

Men endi nima deyin?

Oʻynab qoʻyay, qaldirgʻochuya turmakkinangizdan oʻynab qoʻyay, anavi oppoqqina kaftingizdagi yer emas, u bir chang, gʻoʻza changda koʻkarmaydi, gʻoʻza yerda koʻkaradi, deyinmi?

Meni hamisha dalalarim qoʻllaydi, Meni hamisha dalalarim quvvatlaydi. Meni hamisha dalalarim yoqlaydi.

Bu safar-da dalalarim qoʻlladi: ayol oqtuproqni tashlab edi — oqtuproq deyarli yerga tushmadi! Oq-tuproq changib-changib uchdi!

Ayol bet burdi. Ayol bet oʻgirdi.
— Fu-u - deya kafti bilan chang quvdi. Raisimiz tirsagimdan chet tortdi.
— Choping, traktorni olib keling, — deya shivirladi.

Men ketimga qarab-qarab yoʻl oldim. Men umidlanib-umidlanib yoʻl oldim.

Ayol, mayli, qoʻya bering, deydimikin, deya umidlandim.

Traktordan sado chiqdi — ayoldan sado chiqmadi.

Oqtuproq dalamga traktor soldim

Ayol traktor ketidan mamnun-mamnun bosh irgʻab qaradi.

18

Namozshomda raisimiz darvozasini olib turdim.

Raisimiz keldi. Raisimiz bilan aroq hidi-da keldi.
— Shefni joʻkandim, — dedi raisimiz. — Klara Xodjaevnani joʻnatdim. Qani, bundaychikin turibsiz?
— Oqtuproq dalani nima qilamiz, rais bova? — dedim.
— Nima qilardingiz — eking, Shef aytdi — eking!
— Ekkan bilan...
— Bilaman! Lekin raykom sekretari ogʻzidan chiqqan gap — qonun-da!
— Mehnat qilgan kirasi emas-da?
— Bilaman! Lekin raykom sekretari buyruq berdi-da! Ekmay koʻring — erta-indin raykomga ustimizdan yumaloq xat tushadi!

Meni-da ayol zoti bino etdi. Bolxin terimchi onamiz aybimdan oʻtsin — ayol aralashmish ish rasvoi raddi balo boʻladi.

Meni-da ayolim bor — u bir etak farzand tugʻib berdi. Bir etak farzandlarim onasi boʻlmish ayolimiz, men uchun qoʻli kosov ayolimiz, men uchun sochi supurgi ayolimiz aybimdan oʻtsin — ayol aralashmish ish ochiq mozor boʻladi.

Meni-da qizlarim bor, qizlarim gunohimdan oʻtsinlar — ayol aralashmish siyosat yurt shoʻri boʻladi, ayol aralashmish siyosat el shoʻri boʻladi.

19

Sakkiz kun qaradim, toʻqqiz kun qaradim, oʻn kun qaradim — qani endi, oqtuproq dalamda chigit boʻrtsa, qani endi oqtuproq dalamda chigit uch bersa.

Oqtuproq dalam kal kalladay yaltirab tura berdi.

Oxiri toqatim toq boʻldi — oqtuproq dalamni buzdim.

Oqtuproq dalamni suvladim. Oqtuproq dalamni tobladim.

Qayta ekdim.

20

Shu-shu — vakila ayol bir oyogʻi dalalarimda boʻldi.
— Oʻzi, shu poshikastani kasbi nima? — dedim.
— Ideologiya! — dedi raisimiz.

Shundan buyon rahmatlik maktab direktorimizni qizini Ideologiya degich boʻldim.

21

Togʻ choʻqqilari uzra koʻmir-koʻmir bulut toshdi.

Dalalarim boshida koʻmir bulut tugul oppoq bulut-da boʻlmadi.

Men koʻnglimni toʻqlab uyga keldim.

Kechasi bir mahal momaqaldiroq gulduradi.

Men tashqarilab qaradim.

Qiblagohda sim-sim: yashin yondi. Koʻndalang yondi. Tikka yondi.

Sharros-sharros yomgʻir yogʻdi.

Men qoʻlimga xitoyi fonarimni oldim. Yelkamga ketmonimni oldim. Jarariq yoʻl oldim.

Jarariq toʻlib sel oqdi. Toshib-toshib oqdi.

Men dala boshini qaradim. Etlarim bir uvishib oldi.

Sel Jarariqdan toshdi. Sel dala ariqqa oʻtdi. Sel ariq qulogʻini oldi. Sel dalalarim oralab oqdi.

Men etiklarimni sugʻurdim. Cholvorimni lippa urdim. Sel oraladim.

Shu tevarakda kesak boʻldimi, tosh boʻldimi — quloqqa olib kelib bosdim. Traktor temirlarini olib kelib bosdim.

Sel barini yuvib-yuvib oqdi.

Men ketmon bilan chim oʻyib-chim oʻyib bosdim — sel chimlarni-da yuvib oqdi.

Tan-jonim ter boʻldi. Oʻngirim bilan bet artdim. Entikib nafas oldim,
— Bor-e! — deya ketmonimni otib yubordim. Selga qarab oʻtirdim. Sel ostida qolajak dalalarim koʻz oldimga keldi.

Men ishtonchan boʻldim. Koʻzimni chirt yumib selga oyoq soldim.

Sel yaxday-yaxday boʻldi.

Men quloqda tikka turib sel balogardon boʻldim.

Sel belimga urdi. Sel koʻkragimga urdi.

Men quloch yoyib-yoyib sel balogardon boʻldim.

Sel dala ariqqa deyarli oʻtmay qoldi.

Sel yogʻoch oqizib keldi — yogʻoch koʻkragimga tegib-tegmay oʻtdi. Sel shoxcha oqizib keldi — shoxcha koʻkragimga tegib-tegib oʻtdi.

Tan-jonim yaxladi. Suyaklarim qaqshadi. Tishlarim tik-tik etdi.

Bir mahal tizzalarimga zilday bir nima kelib urildi. Zil nima tizzalarimdan oyoqlarim yuziga tushdi. Oyoqlarim yuzida oqmay qoldi.

Oyoqlarim bir ogʻridi, bir ogʻridi!

Baqirayin deya ogʻiz ochdim — ovozim chiqmadi.

Oyoqlarim birovini qoʻyib birovini tortdim — zil nima ostidan tortib ololmadim.

Oyoq panjalarim tanam uchun begona boʻlib tuyuldi. Panjalarimni qimirlatdim — panjalarim-da qimirlamadi.

Boshim aylandi. Koʻnglim ozdi. Koʻzim tindi...

22

Koʻzlarimni ochdim — boshimda oppoq kiyimlik qizgina oʻtirdi.
— Eb-ey, qaerga kelib qoldim, eb-ey! — dedim. Adogʻimda onamiz oʻtirdi.
— Ochiq mozorga kelib qolding! — dedi onamiz. — Ochiq lahadga kelib qolding!

Ideologiya bilan raisimiz kirib keldi.
— Nima boʻpti, Bolxin momo? — dedi raisimiz.
— Nima boʻlgich edi, ana, koʻrgiligini koʻrib yotibdi! — dedi onamiz. — El-xalq azonda Jarariq adogʻidan topib olibdi. Munday qarasalar, balchiqda bir murda yotgan emish.
— Ana qahramon, mana qahramon! — dedi raisimiz.
— Matrosov! — deya xitoblandi Ideologiya. — Zamonamiz Matrosovi! Bunday qahramonlar bilan kommunizm qursa boʻladi!

Onamiz yengi uchi bilan ogʻzini ushlab yigʻlamsiradi.
— Selda-da aql yoʻq ekan-da, — dedi onamiz. — Biratoʻla ochiq mozorga olib borib tashlamabdi-da!
— Unday demang-e, Bolxin momo! — dedi raisimiz. — Dehqonqul aka tabiiy ofat bilan qahramonlarcha olishgan!
— E, qirilib qirgʻinni oldidan ketsin, bundaychikin qahramon!
— Oʻrtoq Jamoliddinov tabiiy ofatni koʻksi bilan toʻsib, Matrosov jasoratini takrorlagan! — dedi Ideologiya.
— E, kafanini bichayin, bundaychikin Matrosovni, kafanginasini bichayin!

23

Moʻlt-moʻlt dala qaradim.

Joʻyalar sargʻish-sargʻish sel boʻldi. Joʻyalar saqich-saqich sel boʻldi.

Dalalarimni yumshatayin dedim — joʻyalar hali loyqa boʻldi. Dadalarimni yumshatmayin dedim — loyqa qotib qolar boʻldi.

Loyqa qotsa yomon qotadi. Dala qatqaloq boʻladi. Dala tosh-metin boʻladi.

Ichimni it tirnadi. Dalamdan koʻz uzmadim.

Dalalarim darz-darz yorildi. Dalalarim sargʻaydi.

Men dalalarimga traktor soldim.

Dalalarim kaftday-kaftday koʻchdi. Dalalarim mushtday-mushtday koʻchdi. Dalalarim toshday-toshday koʻchdi.

Shunda, pushtalar boʻrtib-boʻrtib qoldi. Shunda maysalar uch berib-uch berib qoldi.

24

Kunbotar tarafdan elas-elas gulduros keldi.

Kunbotarda qop-qora bulut suzdi. Kun bulutda qoldi. Besh tiyinlik sariq tanga misol qoldi.

Bulut koʻpirib toshdi. Bulut koʻpirib qoraydi. Bulut togʻni qopladi.

Azim-azim togʻdan yongʻoqday choʻqqi-da qolmadi.

Bulut ichra ayqash-ayqash nur yalt etdi. Bulut bagʻrini yorugʻ-yorugʻ yoʻllar tildi — togʻda yomgʻir yogʻdi.

Bulut togʻdan endi. Bulut qoyaladi. Bulut qirladi. Bulut adirladi. Bulut dalalab keldi.

Dim-dim sukunat boʻldi.

Daraxtlar tosh qotdi. Chumchuqlar ichiga boʻyin tortdi.

Togʻ tarafdan favqulodda shamol turdi. Shamol moʻrt daraxtlar bargini duv toʻkdi. Shamol tol shoxchalarni qirs-qirs sindirdi.

Dona-dona yomgʻir tomchiladi.

Dalalarim choʻtir-choʻtir boʻldi. Kiyimlarim nuqta-nuqta boʻldi.

Bulut sharr-sharr yogʻdi.

Dalalarim changib-changib qoldi. Dalalarimdan yoppa baraka chang oʻrladi.

Havodan yer hidi keldi.

Bulut endi jala yogʻdi.

Qiyalab-qiyalab jala yogʻdi. Noʻxatday-noʻxatday jala yogʻdi. Muzday-muzday jala yogʻdi.

Endigina nish urmish gʻoʻzani nimasi boʻladi? Birovgina yolgʻiz bargi boʻladi!

Jala ana shu yolgʻiz bargni urib ketdi.

Norasida gʻoʻzani nimasi boʻladi? Ignaday tanasi boʻladi!

Jala ana shu igna tanani urib ketdi.

Norasida bolani oʻzidan oldin qulogʻi koʻrinadi. Shu norasidani quloq-chakkasiga tarsillatib urib boʻladimi? Koʻkragida Imoni bor odam norasidani uradimi?

Norasida gʻoʻza-da misoli norasida — oʻzidan oldin quloq-bargi koʻrinadi.

Havo nima uchun ayaa shu norasida gʻoʻzalarimni yertepkilaydi? Havo nima uchun ana shu norasidalarimni yerpoymollaydi?

Shunday vaqtda yaratganni oʻziga-da ha, demayman.

Oʻynab qoʻyay, notanti-notanti qiliqlaringdan oʻynab qoʻyay, deyman.

25

Dalalarim selgidi,

Ballonoyoq traktor selgi dalani qotirib-qotirib tashlaydi.

Zanjiroyoq traktor selgi dalani qotirmaydi. Zanjiroyoq traktor zanjirini tushab-toʻshab yuradi-da.

Men zanjiroyoq traktorga ketma-ket uchta «Zig-zag» sixmola uladim.

Dalalarimga «Zigzag» sixmola soldim. Dalalarimni enlatib-enlatib sixmola soldim. Dalalarimni boʻylatib-boʻylatib sixmola soldim.

Sixmola kesaklarni maydaladi. Sixmola gʻadir-budurlarni tekisladi.

Dalalarim tobga keldi.

Dalalarimga sudrama arava soldim.

Olti gʻoʻlalik sudrama arava ezilmayman degich kesaklarni-da ezdi. Barmoqday-barmoqday oʻnta tishlik sudrama arava ketmayman degich qatqaloqlarni-da ketkazdi. Bir qulochlik yoʻgʻon-yoʻgʻon sudrama arava dalalar betini ravon-ravonladi.

Dalalarim qiyomga keldi.

Sixmola tegmay qolmish chet-chetlarni ketmon bilan havorladim.

Sudrama arava tegmay qolmish burchak-burchaklarni xaskash bilan ravonladim.

Dalalarim quyruqday-quyruqday boʻldi.

Ikkinchi bor chigit ekdim.

26

Ay, bir ayolimiz bor-da, ay, bir ayolimiz bor-da!

Bir vaqtlar suqsurday-suqsurday qiz edi! Bir vaqtlar chikkabel-chikkabel qiz edi!

Men koʻnglim ketib-koʻnglim ketib sovchi qoʻyib edim.

Ming qilsa-da, xolamizni qizi-da —darrov ha, deya qolib edi.

Men mana bunday toʻynoma tarqatib-tarqatib toʻy qilib edim:

Atirgul hidlari olamga ketdi,

Quvnoq yoshligimiz voyaga yetdi.

Hatto tengdir boʻyimiz boʻyga,

Sizlarni taklif etamiz toʻyga!

Toʻyimizdan buyon ayolimiz uni olib ber-buniolib ber, demaydi. Desa-da, birovni oldida demaydi.

Toʻshakda aytadi! Qoʻynimga kirib aytadi!

Oldin, silab-siypalaydi. Soʻgʻin, suyib-erkalaydi.
— Oʻ-oʻy, juhudi atlas olib bersin, — deydi.
— Juhudi atlas otliqqa yoʻgʻ-u.
— Bor ekan. Chori mudir Dushanbadan olib kelibdi. Uyida yashirib sotayotgan emish.
— Bir joʻrasi qanchadan ekan?
— Bir joʻra atlas ikki yuz soʻm ekan.
— Uh-oʻ-oʻ...
— Koʻp entikmasin, atlas qoʻlda oʻzi shuncha turadi. Rais ayoliga olib beribdi.
— Rais oʻz oti oʻzi bilan rais-da. Men bir dehqon boʻlsam.
— Bu kishi kimdan kam? Brigadir degich oti bor. Bir joʻra atlasni kuchay olmasa, brigadir boʻp nima qilib yuribdi?
— Oʻynab qoʻyay, brigadnr degich otdan, oʻynab qoʻyay. Brigadir bir dehqon-da.
— Shu, raisni ayoli juhudi atlas kiyadigan ayolmi? Beti qop-qora — otashkurakday! Shugina juhudi atlas kiyganda, menga nima qilibdi?
— Boʻldi, koʻp gʻingshima, bolalar uygʻonib ketadi.
— Olib bermasa, olib bermasin!..

Ayolimiz shunday deya, chappa burilib oldi. Bunday vaqtda yoʻq deb boʻladimi?..

27

Ertasi idora bordim.
— Ikki yuz soʻm...

Kassir betimga qayrilib-da boqmadi. Kassir choʻtdan koʻz olmadi.
— Pul yoʻq! — deya shiq-shiq choʻt qoqdi.
— Juda zaril edi.
— Shu, oʻqimaganligingga borasan-da, Dehqonqul. Pul yoʻq deyapman-ku, Mana, ishonmasang poʻlat sandiqqa qara. Poʻlat sandiqda pul boʻlmagandan keyin, qaerdan beraman?
— Butun bir boshli kolxozda-ya.
— Butun boshli kolxozda pul zavodi yoʻq, Dehqonqul, pulni davlat beradi. Davlat esa pul bermayapti. Chekanka vaqtida beramiz, deyapti.
— Chekanka? Chekankani pulga nima daxli bor?
— Oʻqimagansan-da, Dehqonqul, oʻqimagansan. Hozir dalada ish qoʻqigan vaqt. Davlat hozir pul bersa, kolxozchi kam-koʻstimni tuzatayin deb, bozorma-bozor chopadi. Dalada ish qolib ketadi. Chekanka vaqtida esa chekankadan boshqa ish boʻlmaydi. Tushundingmi? Davlat anoyi emas.
— Roʻzgʻorchilik — yoʻqchilik-da.
— Shu gapingga kim ishonadi, Dehqonqul? Azza-mazza brigadir! Uyal-e, shunday degani!
— Yoʻqchilik yomon-da.
— Unda, ana, kattalarning birortasidan qarz soʻra.

Dahlizda oʻylanib qoldim. Kimdan soʻrashimni bilmadim.

Oʻyladim-oʻyladim — raisdan soʻrayin, dedim. Hamsoya degan otimiz bor, dedim.

Kelim-ketimni keti uzilishi bilan ohista kirib bordim.
— Ish vaqti idorada nima qilib yuribsiz, Dehqonqul aka? — dedi raisimiz.
— Zaril ish bilan kelib edim, rais bova.
— Zaril boʻlsa, kecha maylisda aytsangiz boʻlardi.
— Roʻzgʻor ishi, rais bova.
— Roʻzgʻor ishi boʻlsa, ana, hamsoyamiz, devordan boʻylab aytsangiz ham boʻlardi. Xoʻsh, nima ish ekan, ayting qani, hamsoya.
— Shu... rais bova, bizga bir... ikki yuz soʻmcha zaril boʻlib qoldi. Roʻzgʻorchilik — yoʻqchilik-da.
— Sadqai suxaningiz, ana, kassirga ayting, beradi.
— Aytdim, yoʻq, dedi. Sandigʻini ochib koʻrsatdi, yoʻq eqan.
— Boʻlmasa nima qilamiz, yoʻq boʻlsa yoʻq-da.
— Shu... shu, qarz berib tursangiz degandim, rais bova, pul tushganda uzardim.
— E-e, Dehqonqul aka, Dehqonqul aka. Menda iul nima qiladi? U oyligim bu oyligimga arang yetadi. Oʻnta jonmiz. Toshkentda oʻqiydigan Barot oʻgʻlimiz kelgan, koʻzingiz tushgandir. Shu oʻgʻlimiz erta-indin ketadi. Hali, shunga poezd pulini oʻylab oʻtiribman.
— Hay, mayli.
— Shu gap, Dehqonqul aka. Xafa boʻlmaysiz. Pulim boʻlsa jonim bilan berardim. Siz oʻzimiznikisiz, hamsoyamizsiz.

28

Uyda ayolimizga bor gapni aytib berdim.

Ayolimiz oldin ishonmadi.

Men endi qasam ichib aytdim.

Ayolimiz ana shunda ishondi. Ishondi-da — bir boshqa boʻldi-qoldi.

Ayolimiz eshik-orada donlamish tovuqlarni qargʻab-qargʻab haydadi. Ayolimiz satilni yer darang-durunglatib tashladi. Ayolimiz choynakni dasturxon doʻq-doʻqillatib qoʻydi.

Ayolimiz ayollar ashulasini boshladi:
— Dunyoga kelib nima koʻrdim... Kiyadigan kiyimim yoʻq...

Men issiq-issiq choy ichdim. Men ogʻzim kuyib-kuyib choy ichdim.

Men ich-ichimdan xoksorlandim. Men ich-ichimdan xoʻrlandim.

Padariga la'nat bunday dunyoni, dedim.

E'tibor berib quloq soldim — ayolimiz ovozi oʻchib qoldi.

Xudo insof berdi-e, deya tashqariladim.

Ayolimiz qayragʻoch ostida beshik suyanib-beshik suyanib yigʻladi. Ayolimiz burun tortib-burun tortib yigʻladi. Ayolimiz piq-piq yigʻladi.

Ogʻilda yotmish qoʻy meni koʻrib talpindi. Yemish umidvor boʻldi. Tumshuq choʻzib pix-pix etdi.

Men qoʻyga qarab qahrimni sochdim:
— Piqillama-e-e, enagʻar! Nima, men yeb, sen quruq qoldingmi? Roʻzgʻorchilik — yoʻqchilik-da!

Ayolimiz piqillamay qoldi.

Beshinchi bob

1

Men qoziqdan saraton telpagimni oldim.

Telpagimni tizzamga urib-urib qoqdim.

Saraton telpagimdan oppoq-oppoq chang qoʻqidi. Telpagimdan mayda-mayda jonivor tushdi.

Jonivorlar gʻimir-gʻimir oʻrmaladi. Jonivorlar gilam ostilab-gilam ostilab panaladi.

Saraton telpagim olachalpak jun-olachalpak jun boʻldi — junlarini saraton toʻkib-toʻkib tashladi.

Saraton telpagim gʻozsiz-gʻozsiz boʻldi — gʻozlarini saraton kuydirib-kuydirib tashladi.

Oqibat — saraton telpagim yagʻir-yagʻir boʻlib qoldi.

Men ana shu saraton telpagimni bosib-bosib kiyib oldim.

2

Havo moʻ'tadil-moʻ'tadil keldi.

Dalalarim beti tarang-tarang boʻldi.

Dalalarim osti bilinar-bilinmas gʻimir-gʻimir etdi.

Dalalarim ostida koʻrsichqon qimirlamishday boʻldi. Dalalarim ostida chuvalchang oʻrmalamishday boʻldi.

Dalalarim beti sochday-sochday yorildi.

Dalalarim... bolaladi! Toʻqqiz kun-u, toʻqqiz soatda bolaladi!

Pushtalarda toʻp-toʻp maysalar nish berdi. Pushtalarda koʻk-koʻk maysalar nish berdi.

Dalalarim bagʻri toʻldi. Dalalarim bagʻri butun boʻldi.

Meni bagʻrim dalalarimdan-da butun boʻldi.

3

Maysalarim oʻn besh kunlik boʻldi. Ushbu kunda maysalarim chinbarg yoydi. Chinbargdan tobinan maysalarimni chin oti bilan atar boʻldim.

Gʻoʻza!

4

Oʻzingnikidan qiz olma, demishlari haqqost chin boʻldi.

Ayolimizga qattiq-quruq gapirib boʻlmadi. Gapirayin dedim — tilim bormadi. Xolamizni qizi-da — boʻlamiz-da!

Gapirmayin dedim — erkak erkak-da, tagʻin boʻlmadi. Bir ogʻiz gapirdim— ayolimiz onamizni pinjiga tiqilib oʻtirib oldi. Onamizdan beri kelmadi.

Imo etsam-da kelmadi, ishora etsam-da kelmadi. Ovozimni balandlatdim — onamizdan gap eshitdim:
— Kekirdagingni koʻp choʻza berma, oshingni yeyin! Oʻziniki-da, ming qilsa-da oʻziniki-da — opasini qizi-da!

Onamizdan panalatib-panalatib ayolimizga koʻr-musht doʻlaytirdim. Hali koʻrasan, degan boʻldim.

Muomala otangni qulimi, deydi. Muomala etdim — ayolimizni aylanib-oʻrgildim. Dalaga olib borib aylanib-oʻrgildim, daladan olib kelib aylanib-oʻrgildim.

Ayolimiz borishda-da mazam yoʻq, dedi, kelishda-da mazam yoʻq, dedi.

Inchunin, ayolimizdan rang ketdi. Bet-boshi zahildan-zahil boʻldi.

Koʻzlari suzilib qoldi. Darmondan qoldi.

Koʻnglim hadik oldi. Eshagimni mindim-da, Rasul doʻxtirga bordim.

Rasul doʻxtir qutisini kovladi. Oldimga bir-ikkita dori tashladi.
— Mana shularni bir kunda uch martadan ichirasiz, — dedi, — uch kun ichsa, oʻzidan-oʻzi yaxshi boʻp ketadi.
— Oldin oʻzini borib koʻring-da, doʻxtir.
— Koʻrish shart emas, koʻrmasdai bilaman.
— Nimani bilasiz?
— Dardini bilaman. Hozir kun qiziyapti. Vitamin yetishmayotganda, vitamin.
— Vitamin bor, doʻxtir, vitamin bor.
— Vitamin yetishmaydi, vitamin! Shunday kun tigʻida paxtada ishlashni oʻzi boʻlmaydi. It azob, it azob! Bari dard ana shundan.
— Oʻynab qoʻyay, doʻxtir, oʻynab qoʻyay, vitaminlaringizdan. Oʻzlarimiz paxta ichida oʻsdik. Xudoga shukur, mana, otdaymiz. Vitamin tugul, hamma narsamiz bor! Yuzimizga qarang, kim aytadi, bizda vitamin yoʻq deb?
— Endi, siz erkak odamsiz.
— Oʻlmang, bir roʻzgʻorda bir odamda vitamin boʻlsa boʻldi-da. Roʻzgʻorboshida vitamin boʻlsa boʻldi-da. Yuring-e, doʻxtir-e, ayolimiz koʻp yomon boʻp qoldi-e!
— Xoʻp, boraman, qanday borib kelaman?
— Mana, eshagimda gʻir etib olib borib, gʻir etib olib kelib qoʻyaman.
— Xoʻp, unda, yuring.

Rasul doʻxtirni mingashtirib keldim.

Shiyponda ayolimizni ovoz berib chaqirdim.

Dalada tizilishib ketmon chopmish ayollar qad rostladi. Qoʻllarini qoshlariga soyabonlab qaradi.

Men qoʻlimni peshlab, ayolimizni koʻrsatdim. Ayolimizni aytib yuboringlar, degan boʻldim.

Kun ketdi.

Osmon zigʻir gulday-zigʻir gulday boʻldi.

Qiblatohda uch kunlik oy boʻy-boʻyladi. Oy oʻroqday bel-bel boʻyladi.

Ayolimiz daladan keldi. Shiypon ketida iyak-chakkasini roʻmoli bilan oʻrab turdi. Menga qarab iyak siltadi — nima deysiz, degan boʻldi.
— Berman kel, — dedim. —Mana, doʻxtir bovani olib keldim, seni bir koʻrsatayin, dedim.

Ayolimiz roʻmolini boʻynidan oshirib oʻradi, yerga qaradi. Kalishi uchi bilan yer chizdi.
— Berman kel, deyman! — dedim.

Ayolimiz bosh siltadi — bormayman, degan boʻldi.
— Ay, senga aytayapman! — dedim. — Doʻxtir seni odam deb keldi! Doʻxtirni sendan boshqa-da ishlari moʻl!

Ayolimiz yerdan koʻz olmayin zayli shiypon ichkariladi.

Rasul doʻxtirdan iymanayapti, deya oʻyladim. Ketidan kirib bordim.
— Ay, nimadan uyalasan, doʻxtir oʻzimizni Rasulboy-ku, yur, — dedim.

Ayolimiz shahodat barmogʻini chakkasiga nuqib-nuqib koʻrsatdi.
— Ha, kallang ogʻriyaptimi? — dedim.
— Oʻ-oʻy, bu kishida kalla bormi oʻzi? — dedi ayolimiz.
— Bor, nima edi, bor?
— Kallasi boʻlsa, doʻxtir chaqiradimi?
— Dardga doʻxtir chaqirmay, kimni chaqiradi? Ayolimiz tagʻin chakkasiga barmoq nuqib koʻrsatdi.
— Boʻlmasa, dardingni menga ayt, — dedim. — Men Rasul doʻxtirga borib aytaman. Doʻxtir, shunday-shunday ekan, deyman.

Ayolimiz bosh chayqab kuldi. Ayolimiz yerga qarab kuldi. Ayolimiz ogʻiz ushlab kuldi.

Ayolimiz derazadan uch kunlik oyga ishora berdi...

5

Gʻoʻzalarim yigirma kunlik boʻldi.

Men gʻoʻzalarimni yaganalar boʻldim.

Joʻya choʻnqayib oʻtirdim. Siljib-siljib gʻoʻza yaganaladim.

Men sugʻurib-sugʻurib gʻoʻza yaganalamadim — sugʻurilmish gʻoʻza qabatida qolajak gʻoʻza tomirlari joyidan koʻchib-koʻchib qoladi.

Men chimdib-chimdib gʻoʻza yaganaladim. Men qoʻshqoʻllab-qoʻshqullab gʻoʻza yaganaladim.

Bir qadamda yigirma-yigirma beshtadan gʻoʻza boʻldi.

Bir gʻoʻzam tanasi oqimtil boʻldi — gʻoʻzam tomiridan zil ketdi. Demak, gʻoʻzam endi odam boʻlmaydi.

Men ana shu gʻoʻzamni chimdib tashladim.

Bir gʻoʻzamni bir bargi bor boʻldi, bir bargi yoʻq boʻldi. Yakkabarg boʻldi. Yakkabarg gʻoʻza — chala gʻoʻza!

Men yakkabarg gʻoʻzamni chimdim tashladim.

Bir gʻoʻzam barglari ilma-teshik boʻldi. Donacha-donacha boʻldi. Demak, gʻoʻzam elburutdan dardmand boʻldi.

Men dardmand gʻoʻzamni chimdib tashladim — sogʻlom gʻoʻzalarimga dardi yuqmasin, dedim.

Bir gʻoʻzam pushta yonboshida boʻldi. Bir gʻoʻzam joʻya ichida boʻldi. Ikkovi-da sogʻlom-sogʻlom gʻoʻza boʻldi. Ammo ziyodi gʻoʻzalar boʻldi. Boisi — oʻz joyida koʻkarmagan gʻoʻzalar boʻldi.

Men ikkovini-da chimdib-chimdib tashladim.

Nimjon-nimjon gʻoʻzalarni chimdib-chimdib tashladim. Mayib-mayib gʻoʻzalarni chimdib-chimdib tashladim.

Kesaklar orasida qolmish gʻoʻzalarimni silab-siypab rostladim. Kesaklarni kaftlarimda umatib-umatib sochdim.

Barmoqlarimni yer botirib-er botirib gʻoʻzalarim ost-ustini muloyimladim.

Bir qadamda toʻqqiz-oʻn tupdan sogʻlom-sogʻlom gʻoʻza qoldirdim.

Bir haftadan keyin ikkinchi bor yaganaladim.

Bu safar yelti-etti tupdan gʻoʻza qoldirdim.

6

Oqshom vaqti qizimiz iliq suv quydi.

Men qoʻllarimni olqindilab-olqindilab yuvdim. Bot-bot yuvdim.

Kaftlarimda gʻoʻza koʻki bilan isi oʻtirib qoldi.

Tirnoqlarim orasi qop-qora boʻlib qoldi.

Men tirnoqlarim orasini tirnoq tiqib kovladim.

Men tirnoqlarim orasini gugurtchoʻp tiqib kovladim.

Men tirnoqlarim orasini juvoldiz tiqib kovladim.

Tirnoq uchlarim qop-qoraligicha qoldi.

Tirnoq uchlarim kir-kirligicha qoldi.

7

Uyqumda birov yigʻladi. Men oldin tushim, deya oʻyladim. Yigʻi haminqadar zoʻraydi.

Shunda, uyqum qochdi. Nimkala koʻz ochdim. Uyquli qaradim.

Beshikdagi chaqalogʻimiz yigʻladi. Men ayolimizni uzala turtdim. Ayolimiz ing-ing eta jimib qoldi. Men endi ayolimiz biqinidan nuqiladim.
— Ay, tur, bolang yigʻlayapti, — dedim. Ayolimiz toʻlgʻondi. Ayolimiz uyqusiradi.
— U-u-u... — dedi.

Yotmish zayli beshikka qoʻl uzatdi. Beshik tebratib-tebratib uxladi.

Chaqalogʻimiz uzmadi. Chaqalogʻimiz mijja qoqtirmadi. Chaqalogʻimiz quloq-miyani yedi!

Men zada-zada turib oʻtirdim. Ayolimizni tebratdim.
— Ay, joning bormi? Anavi yigʻlayapti deyapman! — dedim.

Ayolimiz dast turib oʻtirdi.

Beshik pardani ochdi. Beshik tebratgichda osilmish oʻyinchoqlarni shaldiratdi.
— Ha, jonim?! — dedi. — Nima deysan, jonim?! Oʻchir, boʻldi, oʻchir!

Chaqalogʻimiz shunda-da oʻchirmadi. Bigʻgʻ-bigʻgʻ yigʻlay berdi.

Ayolimiz yomon qiliq qildi-yov — chaqalogʻimiz endi chirr-chirr yigʻladi.

Ayolimiz chimchilab oldi-yov!

Men xit-xit boʻldim — ayolimiz yelkasidan itarib tashladim:

Ayolimiz bir munkib oldi.
— Ha?! — dedi. — Nimaga uradi?!
— Nimaga bolani urasan?
— Kim urayapti?!
— Sen urayapsan.
— Urmadim!
— Urding. Boʻlmasa, bola bundayin chinqirib yigʻlamaydi.
— Urmadim deyapman-ku!
— Urmagan boʻlsang, chimchilading.
— Boʻlmasa, nima qil, deydi?!
— Bolani chimchilama, yigʻloqi boʻp oʻsadi. Erkalat, suy!

8

Tulki qiziga toʻy berdi.

Kun qiyalab-qiyalab nur toʻkdi. Kun sariq-sariq nur toʻkdi.

Kun betini koʻrib boʻlmadi. Kun nuriga qarab boʻlmadi.

Olam iliq-iliq boʻldi. Olam sariq-sariq boʻldi.

Havoda oppoq-oppoq bir nimalar uchdi. Havola-havola uchdi. Aylana-aylana uchdi. Burala-burala uchdi.

Osmon misoli un elaklamish-un elaklamish boʻldi.

Oppoq bulutlar orasidan kun nurlari toʻkilib-toʻkilib turdi.

Qor laylaklab-laylaklab yogʻdi. Qor yerga tushib-tushmas yogʻdi.

Laylakqor taqqa tindi.

Yerda qor tugul, nam-da boʻlmadi. Qor havosi-da boʻlmadi.

Oʻynab qoʻyay, bundayin havoni oti nima boʻldi?

Qor yogʻmadi, deyin dedim— havoda laylaklab qor oʻynadi.

Laylaklab qor yogʻdi, deyin dedim — yerda qordan nishoia boʻlmadi.

Dehqon bunday havoni:
— Tulki qiziga toʻy berdi, — deydi.

Kechasi yigʻilishda raisimiz kunlik yaganani soʻradi. Yoʻl-yoʻriqlar berdi.

Shunda, raisimiz oldida turmish telefon jiringladi.

Raisimiz telefonda salom-alik boʻldi,

Gap-soʻzidan bildim — raisimiz Ideologiya bilan gapirishdi. Ob-havoii gapirishdi. Chaynab-chaynab gapirishdi.

Raisimiz sharaqlatib telefon dasta tashladi. Derazaga qarab lab burdi.
— Tavba, — dedi. — Ajab vakilamiz bor-da. Kolxozlaringizda qor yoqqan emish, gʻoʻza nima boʻldi, deydi. Qor yoqqan yoʻq, tulki qiziga toʻy berdi, desam, tulkiyam toʻy qiladimi, deydi...

9

Dalalarimga xonqizi degich hasharot aylandi.

Biz surxonilar xonqizini gulligich deymiz.

Gulligich sariq qoʻngʻizday keladi. Tumshugʻi qora boʻladi. Tanasida qora-qora donachalari-da boʻ-ladi, oq-oq donachalarida boʻladi. Uchsa, qanotlari katta-katta yoyilib uchadi.

Bolalar gulligich ushlab oʻynadi, Bolalar gulligich haydab oʻynadi,

Bolalar:

Xol-xol,
Otang oʻldi,
Onang oʻldi,
Borib xabar olmaysanmi? —

deya, dirr-dirr qoʻyib chopdi.

Gulligich bolalar kaftida yurdi. Gulligich bolalar qoʻl-yuzida yurdi, gulligich bolalar yengida yurdi.

Gulligich oʻrmalab yurishdan qolmadi — bolalar dir-dirr qoʻyib ashula aytishdan qolmadi:

Xol-xol,
Otang daryoga oqdi
Onang daryoga oqdi
Ketmon olib chop-chop,
Ketmon olib chop-chop!

Gulligich surbet boʻldi. Gulligich ketmadi. Gulligich ketmasa tagʻin boʻlmadi — gulligich hasharotlar bosh bobosi boʻldi. Gulligich ming-minglab bolalar boʻldi.

Men dalalarimni gulligichofat bilan doriladim — «B-58» degich zahar dori sepdim.

Zahardan bir hafta dala yoʻlay olmadim.

10

Oʻqariq oldim.

Nima uchun oʻqariq deymiz?

Bunday qaralsa —er ravon-ravon koʻrinadi. Bunday qaralsa — yer tekis-tekis koʻrinadi.

Shunday-shunday ariq olsa boʻldi — suv bir zaylda oqa beradiganday boʻladi.

Aslida unday boʻlmaydi.

Yerni oʻz tobi boʻladi. Yerni oʻz oʻng-chapi boʻladi. Yerni oʻz tosh-tarozisi boʻldi.

Ana shu tobni tuymagich dehqon oʻqariq olib yur-masin. U olmish oʻqariq koʻcha-koʻygi jaydari ariq boʻladi. U olmish oʻqariqda suv ravon-ravon oqmaydi.

Ana shu oʻng-chapni ilgʻolmagich dehqon oʻqariq olib yurmasin. U olmish oʻqariqda suv koʻllab-koʻllab qoladi. U olmish oʻqariqda suv urib-urib oqadi.

Ana shu tosh-tarozini bilmagich dehqon oʻqariq olib yurmasin. Suv u olmish oʻqariq oxirigachayin oqib-oqib bormaydi.

Dehqoni koʻz tarozi boʻladi, dehqoni koʻngil qozi boʻladi!

Oʻqariqni ana shu dehqon olsin!

Ana shu dehqon olmish oʻqariq oʻqday boʻladi.

Suv ana shu oʻqariqdan oʻqday oqadi.

11

Derazaga rang kirdi. Ayolimizni uyquli turtdim.
— Ay, tur, tong otdi, — dedim.
— E-e-e...

Ayolimiz ingilladi. Qoʻlimni surib tashladi. Tagʻin bir maromda pishilladi.

Bor-e, menga nima, dedim-da, chappa burilib yotib oldim.

Deraza tarafdan xoʻroz qichqirdi. Xoʻroz choʻzib-choʻzib qichqirdi.

Koʻz ochmaganlarimga-da qoʻymadi.

Deraza oqardi. Oppoq pardaday boʻldi.

Men endi ayolimiz sochidan tortqiladim.
— Ay, tong otdi, deyapman.
— E-e-e...

Ayolimiz turib oʻtirdi. Yuz-koʻzini uqaladi. Derazaga qaradi. Bolishiga qaradi. Tagʻin toʻshakka tashladi.

Bu safar bilagidan chimchilab oldim.

Ayolimiz sapchib turdi. Qoʻlimga tarsillatib bir urdi.
— Oʻlsam qutulamanmi shundan, oʻlsam qutulamanmi?! — dedi.

Roʻmolini boshiga ila-ila tashqariladi.

Men xiyoldan keyin turdim. Roʻyi hushim boʻlmadi. Tandir chetida choʻnqayib oʻtirdim. Koʻzlarimni uqaladim. Kerishib esnadim.

Onamiz tom ketilab obtova koʻtarib oʻtdi.

Ayolimiz qoʻlyuvgichda yuz-qoʻl yuvgan boʻldi. Naridan-beri artingan boʻldi.

Buzogʻini yetaklab kelib molini emizdi. Noʻxta tortib-noʻxta tortib emizdi.

Buzoqni tagʻin qoziq qantardi.

Oshxonadan kadi olib keldi, sigir ostida choʻnqaydi. Tizzalari orasiga kadi oldi.

Ayolimiz sigir sogʻdi.

Sigir ayolimizni dumi bilan urib-urib turdi.

Tagʻin buzoqni qoʻyberdi. Buzoq onasi yeliniga yopishdi.

Ayolimiz oshxonada dokadan sut oʻtkazdi. Oʻchoqqa sut osdi.

Bir quchoq yoʻngʻichqa oʻrib kelib molga tashladi.

Ityaloqqa yovgʻon sarqit soldi.

Tovuqlarga don sochdi.

Qozonda koʻpirib toshmish sutni loʻkillab borib oldi.

Mol ostini qaradi.

Eshik-oraga suv sepdi. Supurib-sidirdi.

Ichkarida birin-ketin bolalar chiqib keldi: Birovi yuz-qoʻlini yuvdi, birovi yuz-qoʻlini yuvmadi.

Ayolimiz yuz-qoʻl yuvmagichlarni qoʻlyuvgich ostiga yetaklab bordi.

Bolalar suvdan seskandi. Bolalar suvdan bet burdi. Bolalar voy-voyladi.

Ayolimiz quloq solmadi. Barini yuz-qoʻlini yuvdi. Ishton kiymagichlariga ishton kiygizdi.

Tashqi soʻriga gilam toʻshadi. Koʻrpacha soldi. Dasturxon yoydi. Choy damladi.

Ichkaridan shiptirdan-shiptir koʻrpachalar olib keldi. Simga yoyib-yoyib osdi.

Oʻchoqdan kul olib keldi. Shiptirlarga hovuchlab-hovuchlab sepdi.

Chaqalogʻimiz tuvagini toʻkib keldi.

Maktab borgich boshalarini kiyintirdi. Qoʻliga kitob-daftar berdi. Yelkasiga sumka osdi.

Qizlari sochiga qizish taoma taqdi.

Oʻgʻillari oyoq liboslarini kiydirdi. Paydarpay-paydarpay kiymishlarini oʻng-oʻng kiydirdi. Iplarini boyladi.

Barini koʻchalatib haydab bordi. Barini maktab haydab soldi.

Qodir oʻgʻlini dastyorlikka olib qoldi.

Onamiz munkillab-munkillab soʻri keldi.

Men choyimni ichib boʻldim. Kaftlarimni yuzimga surta-surta soʻridan tushdim.

Ayolimiz qatiq uyutdi: sutga bir qoshiq tomizgʻi qatiq soldi. Kadini janda chopon oʻrab-oʻrab qoʻydi.

Molni boʻshatdi. Qodir oʻgʻli oldiga solib berdi.
— Podaga qoʻsh-da, shundan shuyoqqa maktabga joʻna! — dedi.

Soʻri tevarak-girdini aylandi. Bolalar tashlamish ushoqlarni terib-terib oldi.
— Ena, nevaralaringiz oʻqishdan kelsa, koʻz ayirmang, tagʻin koʻchaga chiqib ketmasin, — dedi.
— Ha, er-xotin yetimlaringni topdilaring! — toʻngʻilladi onamiz.
— Unday demang, ena, unday demang, bari oʻzingizni bolalaringiz.
— Bola, bola! Umrim bola boqib oʻtdi! Otasini boqqanim kamday, endi bolasiniyam boqaman!
— Bolamni toʻygunimcha boqaman, nevaramni oʻlgunimcha boqaman, deganlari shu-da, ena, — dedi ayolimiz. — Koʻkragimdagini tashlab ketmaganimga shukur qiling.
— Ha, endi koʻkragingdaginiyam tashlab ket, ha! Bir kamim nevara emizish qolib edi! Oyogʻimni uzatib, emin-erkin oʻlganiyam qoʻymanglar!
— Hali erta, ena...
— Hali erta, erta! Bu dunyoni ishidan mozorga kirib qutulmasam, qutulmayman!

Men eshagimga tushlik solinmish xurjunimni tashladim. Ayolimizga tayinladim:
— Dalaga ertaroq bor, — dedim.

12

Texnika oy bilan boʻylashsa-da, ketmonsiz dala — dala boʻlmaydi.

Men traktor ketiga toʻrt qator tish uladim. Har qator orasida ikkitadan pichoq qoʻydim. Har qator orasida bittadan oʻqsimoya panja qoʻydim.

Gʻoʻzalarim ostini haydadim. Gʻoʻzatomir qirqilmasin yo lat yemasin deya, olti-etti santim chuqurlik-da haydadim.

Tish gʻoʻza boʻgʻziga tegmay-tegmay yurdi.

Tish egat tuprogʻini gʻoʻza boʻgʻziga uyub-uyub yurdi.

Oqibat — gʻoʻza boʻgʻiz koʻmilib qoldi. Gʻoʻza boʻgʻiz qotib qoldi. Gʻoʻza boʻgʻiz nafas ololmay qoldi.

Bu bois, dalalarimga ketmon soldim.

Botirib ketmon solayin, dedim — gʻoʻzatomir qirqilajak boʻldi.

Sayoz ketmon solayin, dedim — gʻoʻzatomir ostda qolajak boʻldi.

Men ketmonimga erk bermayin-erk bermayin ketmon soldim.

13

Gʻoʻzalarim bir oylik boʻldi.

Ana shunda bir shamol turdi, bir shamol turdi.

Afgʻon shamoli deyin dedim — shamol Hisor tarafdan esdi.

Shamol gʻoʻzalarimni bir chapga qayirdi, bir oʻngga qayirdi.

Gʻoʻzalarim ayqash-uyqash boʻlib qoldi. Gʻoʻzalarim bukchayib-bukchayib qoldi. Gʻoʻzalarim yotib-yotib qoldi.

Pushtalarda tizilmish koʻklar gʻoʻza boʻldimi yo boshqa bir maysa boʻldimi — bilib boʻlmay qoldi.

Men nahor-nahorlab dalalarim boshida choʻk tushdim.

Yotib-yotib qolmish gʻoʻzalarimni qoʻshqoʻllab-qoʻshqoʻllab rostladim.

Ayqash-uyqash gʻoʻzalarimni kaftlab-kaftlab taradim.

Gʻoʻzalarim tagʻin boʻy-boʻyladi.

14

Majlis qaridi.
— Siz bilan biz hali-hamon dotatsiyada yashaymiz, oʻrtoqlar! — deya yakunladi raisimiz. — Dotatsiyadan qutulish uchun qoʻlni qoʻlga berib mehnat qilmasak boʻlmaydi! Dotatsiyadan qutulaylik, ana undan keyin odamday yashasak boʻladi!

Qabatimda oʻtirmish brigadir qulogʻiga shivirladim:
— Qaerda yashaymiz, deydi? — dedim.
— Dotatsiyada, —deydi.
— U qaerda?

Brigadir tovoni bilan yer tepib koʻrsatdi.
— Shu yerda, — dedi. — Mana, mana shu yerda. Shuniyam bilmaysanmi, he, koʻrsavod.

Gapimizga tagʻin bir brigadir qoʻshildi.
— Dotatsiyada yashaymiz degani, muttahamlarcha yashaymiz, degani-da?
— Unchalik emas-e, he, gaping qursin.
— Boʻlmasa, nima degani? Yo, tekinxoʻrlarcha yashaymiz, deganimi?
— Unday ham emas. Nima desam ekan, dotatsiya degani... davlat qaramogʻida yashaymiz, degani. Yoʻq, buyam unday toʻgʻri boʻlmaydi. Dotatsiya degani... qarz boʻlib yashaymiz, degani.
— Shuncha ishlab-a? — dedim. — Yil oʻn ikki oy tongdan shomgacha ishlab-a?
— Tongdan shomgacha ishlasang, ishlab yota berasan-da. Paxtang arpaga uvoq ham boʻlmaydi.

Majlisdan keyin eshagimni qichab-qichab haydadim. Oʻylab-oʻylab haydadim.

Ayolimiz birday brigadirligimni gapiradi, majlisimizni gapiradi. Xudoni bergan kechasi nimani majlis qilasizlar, deydi. Ayolimiz odamni yo mayna etadi, yo qitigʻimga tegmakchi boʻladi.
— Ana, majlisda nimani gapiramiz! Dotatsiya, dotatsiya!

Ayolimizni ana endi boplayman! Dotatsiya, degich kattalarbop gaplardan gapiraman. Ayolimizni lol-lol qoldiraman.

Ayolimiz ogʻzi ochilib-ochilib qoladi. Brigadirligim bilan majlisimizni mayna etmagich boʻladi.

Chin-da — brigadir oʻz oti oʻzi bilan brigadir-da. Katta, katta! Brigadir majlislarda ishtirok etadi. Brigadir raislar bilan gap olib, gap beradi, Dotatsiya, degich gaplardan gapirishadi!

Yoʻl-yoʻlakay dotatsiya-dotatsiya... deya pichir-pichir etib keldim. Esimdan chiqib ketmasin, dedim-da.

Eshagim bir oʻnqir-choʻnqirdan hurkdi. Chappa burilib tuvladi.

Meni yerga shunday olib urdi, shunday olib urdi! Hushim boshimdan uchdi. Hushim bilan qoʻshilib dotatsiya, degich gap-da uchdi. Dotatsiya esimdan chiqdi-ketdi!

Uyda bot-bot oʻyladim — ammo eslay olmadim. Bor-e, dedim-da, yotib oldim.

Azonda oʻylab-oʻylab topdim. Tagʻin esimdan chiqmasin deya, ichimda dotatsiya-dotatsiya... deya oʻtirdim.

Bir ayolimizga qaradim, bir bolalarimizga qaradim, bir onamizga qaradim. Gap ochayin deya, bahona qidirdim.

Birovi-da dasturxondan bosh koʻtarmadi. Xuddi choʻldan kelmishdayin hur-hur choy ichdi.

Birovi-da dotatsiya bilan ishi boʻlmadi!

Shu tobda ayoldan-da xafa boʻldim, bolalardan-da xafa boʻldim.

Ichimda dotatsiya-dotatsiya... deya oʻtira berdim.

Bahona qidirdim — buyogʻimga qaradim, bahona qidirdim — uyogʻimga qaradim. Oxiri topdim!

Oysuluv qizimiz choyga ikkita-uchtalab qand soldi.

Men nasihatomuz gap ochdim.
— Qandni bitta-bittalab yenglar, dotatsiyada yashaymiz, — dedim.
— U nima degani? — dedi ayolimiz. Ana shunda jonim kirdi!

Kaftlarimni tizzalarim tiradim, koʻkragimni koʻtardim. Boshimni gʻoz tutdim.
— Hali, dotatsiyani bilmaysanmi? — dedim. — Dotatsiyani-ya? Ay, koʻrsavod-e, ay, koʻrsavod-e!

Qirinib-qirinib tomoq qirdim. Donishmand-donishmand soʻzladim:
— Maktabni necha bilan bitirib eding? Ay, koʻrsavod-e! Dotatsiya, bu... xoʻ-oʻsh... muttahamlarcha yashash... yoʻq, davlat qaramogʻida yashash... yoʻq, qarz boʻlib yashash demakdir, ha!
— Qirilib ado boʻlgur, bizni raisimiz-da shunday deyar edi, — dedi onamiz.
— Yoʻgʻ-e! — dedim.
— Esa-chi. Men ham bor... oti nima edi?
— Dotatsiya.
— Ana shunday gap-da bor!

Oʻynab qoʻyay, ota-bobolarimiz-da dotatsiyada yashabdi-da?

Otangga soʻyilgan kal uloq — senga-da boʻladi shul uloq, boʻlibdi-da?

15

Gʻoʻzalarim tomiri girdida achchigʻ zax bino boʻldi.

Achchigʻ zax gʻoʻzaga el boʻlmaydi. Achchigʻ zax gʻoʻza tomirini chiritib-chiritib tashlaydi.

Men darhol gʻoʻzalarimga suv berdim.

Achchigʻ zaxni suv bilan quvib-quvib haydadim.

Gʻoʻzalarim tomiri ozod-ozod nafas oldi. Gʻuzalarim tomiri yoyilib-yoyilib rohat oldi.

16

Qosh qoraydi.

Gʻoʻza bilan yovvoyi oʻt farqiga borib boʻlmay qoldi.

Ana shunda ayollarga javob berdim. Ayollar birin-ketin qishloq yoʻl oldi.
— Ertaga kun chiqmay kelinglar, salqinda ish unadi! — dedim.
— Ertaga bozor-ku! — dedi birov.
— Oʻynab qoʻyay, paxta bozorni biladimi!
— Bu dunyodan dam nimaligini bilmay oʻtamizmi endi.
— Dam olasan, pensiyaga chiq, pensiyani jaraq-jaraq olib, yeb yotasan! — dedim.

Ayolimiz shiypondan bolasini olib kelib uzatdi.
— Oʻ-oʻy, manavini oldiga oʻngarib ketsin, oyogʻimda oyoq qolmadi, — dedi.
— Bor-e, men hozir idoraga ketaman, — dedim. Ayolimiz bolasini qaytib oldi. Jerkiy-jerkiy bagʻir bosdi.

Ayolimiz boshi uzra gumbaz tugun qoʻndirdi. Ayolimiz bagʻri aro qoʻshqoʻllab bola quchdi.

Ayolimiz qishloq yoʻl oldi.

Qoʻl-himosiz gumbaz havoda suzib yurmish shar misol qishloqladi. Qoʻl-himosiz gumbaz tugun ohista tebrana qishloqladi.

Ayolimiz qoʻshqoʻllab-qoʻshqoʻllab bola qucha-qucha qishloqladi.

Ayolimiz ayollar ashulasini ayta-ayta qshploqladi:
— Koʻrgan kunim qursin.

17

Idoradan bir mahalda qaytdim.

Eshagimni qantardim. Toʻqimini olmadim.

Pichadan soʻgʻin tong otadi — ishni koʻpaytirib oʻtirayinmi, dedim.

Ichkarida oynaijahon koʻrsatmay qolibdi.

Bolalar burabdi-burabdi—oynaijahon buragichini sindirib tashlabdi.

Men ombordan bilakday-ombir topib keldim.

Ombir bilan oynaijahon buradim. Oʻnglay-oʻnglay buradim. Chappalay-chappalay buradim. Qirr-qirr buradim.

Oynaijahon pir-pir etdi, oynaijahoi bijir-bijir etdi — ammo koʻrsatmadi.

Men bolalarni urishib-urishib tashladim. Birini qoʻyib birini soʻkib tashladim.
— Otangni iligiga!.. — dedim. — Duppa-durust oynaijahonni buzgan otangni iligaga!..

Bolalar bir-biriga soldi:
— Men emas, Qodir buzdi.
— Birinchi Oysuluv buradi.
— E, baring bir goʻr! — dedim.

Men devor soat qaradim — soat oʻn ikkidan oshibdi. Oynaijahon koʻrsatuvlari tamom boʻlibdi.

Shunday boʻlsa-da, bolalar oldida sir boy bermadim.
— Boringlar, yotiiglar, — dedim. —Yaxshi oʻqisalariig, ertaga tuzatib beraman.

Men ana qaradim-mana qaradim —taomdan darak boʻlmadi.
— Ay, vaqt bemahal boʻldi! — deya ovoz berdim.
— Bemahal boʻlsa nima qilayin? — dedi ayolimiz.
— Biron nimang bormi?
— Bor, endi pishadi.
— Haliyam pishmadimi-e?
— Shu vaqtgacha oʻynab oʻtirganim yoʻq. Qozondan boshqayam tirikchiligim koʻp. Xamir qordim...

Sagʻal oʻtdi — ayolimiz bir korson piyova olib keldi.
— Goʻshti yoʻq, goʻsht tamom boʻldi, — dedi.
— Bizga boʻla beradi, — dedim. — Qozon oʻzimizniki, qorin oʻzimizniki. Qorin toʻysa boʻldi-da.
— Endi, goʻshtni qaytadi?
— Juma bozor kuni Norin qassob mol soʻyadi deyishayapti, shundan olamiz-da.

Piyovadan soʻgʻin choy ichdim.

Yenboshlab yotdim-yotdim — koʻzim ilindi. Qancha yotdim — bilmadim.

Bir mahal koʻzimni ochdim — hovlida lovv-lovv olov oʻrladi.
— Ay! — deya sapchib turdim. Ayolimiz zardob-zardob ovoz berdi:
— Jonim, jonim?!
— Ay, nima qilayapsan?
— Tandir qizitayapman, nima edi?

Shundagina nima gapligini bildim. Nima deyishimni bilmadim.
— Yotar vaqtiyam non yopadimi? — dedim.
— Yotarda non yopmasa, goʻrda yopadimi?!

18-19

Quruq beda yegich mol goʻngi a'lo-a'lo goʻng boʻladi!

Quruq beda yegich mol peshobi serazot-serazot boʻladi!

Men ulkan oʻraga ana shunday goʻng toʻdaladim. Oʻra bet-boshini sinchlab-sinchlab tuproqladim.

Oʻrada qolmish jonivorlar gʻimir-gʻimir bolaladi. Bir jonivor bir soatda oʻn besh-yigirma bolaladi. Bir jonivor bir kunda million-million bolaladi.

Ana shu jonivorlar gʻimir-gʻimiridan goʻng ich-ichlari aro havo kirib-chiqib turdi. Ana shu jonivorlar gʻimir-gʻimiridan goʻng chirib-chirib turdi. Oʻradan shiptir anqib-shiptir anqib qoldi.

Men ana shunda xazinamni ochdim!

Shiptir goʻng bilan tuproq aralashtirdim. Peshma-pesh dala tashidim.

Dadalarimni shiptir goʻngladim.

Dimogʻimda shiptir is oʻtirib-oʻtirib qoldi.

Bir qadamda bir tupurib kun koʻrdim.
— Hali, gap ochilsa aytaman-da. Ogʻzimga tolqon solib oʻtirmayman-da.
— Ha-a, maqtab qoʻya bersin-da.
— Nima deb maqtayin, sen ayt-da? Erkak odam umri dalada oʻtadi, nimani biladi.
— Tavba-e, ayol odamni umriyam uyda oʻtayotgan yoʻq!
— Ishqilib, ayol ayol-da, qiz bolani yaxshi biladi.
— Nima deb maqtardi, qizimiz uncha-muncha qizlardan emas, deydi-da. Kamgap, pazanda, chevar deydi-da.
— Bizni qizimiz deyin-a?
— Deydi-da, oʻzini qizlari bilan billa oʻynab katta boʻlgandan keyin, deydi-da.
— Chin, katta boʻlibdi, bilmay qolibman, chin.
— Oʻzini qiziday gapda.
— Chin, oʻzimni qizimday gap, chin.
— Ishqilib, maqtaydi-da.
— Maqtayman-da, qizimizni maqtayman-da. Yo, pirim, men endi borayin, aytgan joydan qolma, dedilar.

Soʻridan koʻcha yoʻl oldim.

Raisi darvoza oldida mayda mashina moʻl boʻldi — demak, raisimiz davrani katta oldi.

Men raisi darvozaii jonli-jonli taqillatdim.

Darvozani raisimizni oʻgʻli ochdi.

Men chaqiribsizlar deya, ichkari kirib keta berayin dedim — betim boʻlmadi.
— Rais bova bormi? — dedim.
— Bor-bor, aytib kelayin. Raisimiz chayqala-chayqala keldi.
— E-e, Dehqonqul aka, tinchlikmi? — dedi.
— Tinchlik, rais bova, tinchlik, — dedim. — Hormang, rais bova?
— Salomat, salomat...

Shoberdi baxshi eshib-eshib doʻmbira chaldi.
— Ha, nima gap?
— Hech gap yoʻq, rais bova.
— Traktorlaring buzilib qolibdi, deb eshitdim?
— Sozladik, rais bova, sozladik.
— Ha-a, rais bova... qizimizga... odam kelibdi..
— Qizingizga odam kelibdi? Yoʻgʻ-e, qizingiz hali goʻdak shekilli?
— Yoʻq... qizimiz... qizingizga deymai.
— Ha-a, mening qizimni aytayapsizmi? Keldi keldi, hali-hozircha eskichasiga non sindirib qoʻydik.
— Non sindirdilaringizmi?
— Ha-da, oʻylab oʻtiramizmi. Sindirdik-qoʻydik.
— Binoyi boʻpti, xoʻp binoyi boʻpti, — dedim. — Ha-a, chaqirgan ekansiz, rais bova?
— Chaqiribman? Qachon? E, ha-a, bugun Dehqonobodi quda boʻlmishlar ikkita fotiha qoʻy tashlab ketib edi. Shu qoʻyni birovini soʻyib, rayon kattalarini chaqirayin, dedim. Choy ichib keting, etayin, dedim. Uyoqqa bola yubordim, buyoqqa bola yubordim, Qoʻy soʻygich odam topolmadim.
— Oʻzimga ayting edi, daladan vaqtliroq kelib soʻyib berar edim.
— Boʻldi-boʻldi, Klara Xodjaevnani shopiriga soʻydirdim. Oʻzimiz soʻyib, oʻzimiz yeb yotibmiz.
— Qanday... Etli-sulli qoʻy ekanmi?
— Ha endi, Dehqonobodi qoʻy boʻlgandan keyin, etli-sulli qoʻy boʻladi-da.

Shoberdi baxshi boʻgʻilib-boʻgʻilib doston aytdi.
— Boʻpti, Dehqonqul aka, — dedi raisimiz, — traktoringiz tagʻin buzilsa, darrov xabar bering. Ana, ichkarida rayon texnika boshqarmasi piri oʻtiribdi, Bir ogʻiz aytamiz, istalgan ehtiyot qismlarni yetkazib beradi.

Ketimga qayrildim.

Darvozamizdan ichkariladim.

Soʻri boshida serrayib-serrayib qoldim.

Ayolimiz ajablanmish boʻldi.
— Ha, vaqtli qaytibdi? — dedi.
— Koʻp oʻtirmadim, — dedim. — Kattalar mast-alast. It egasini tanimaydi...


20

Men begona oʻt uchun goʻng solib edimmi? Men begona oʻt uchun suv berib edimmi? Dalalarimni shunday oʻt bosdi, shunday oʻt bosdi! Gʻoʻzalarim begona oʻt ostida qoldi. Gʻoʻzalarim begona oʻt changalida qoldi.

Dalalarimda yetmish xildan ziyod begona oʻt oʻsdi!

Dalalarim paxtapaykal boʻlmadi — dalalarim oʻtpaykal boʻldi.

Gʻoʻzalarim nozik davrida boʻldi. Gʻoʻzalarim sertomirlamadi. Gʻoʻzalarim botin yerlamadi.

Bunday vaqtda dalaga traktor solib boʻlmaydi. Traktor yerni parcha-parcha koʻchirib tashlaydi.

Gʻoʻzalarim yerparchalar bilan koʻchib-koʻchib qoladi. Gʻoʻzalarim qurib-qurib qoladi.

Ayni vaqtda gʻoʻzalarimga ketmon solib-da boʻlmaydi. Gʻoʻzalarimga ketmon-da ziyon beradi.

Birdan-bir yoʻlim — begona oʻtlarni bitta-bittalab yulib tashlash boʻldi.

Ayni vaqtda unib chiqmish begona oʻtlarni yulib tashlash mushkul boʻlmadi. Bular bir yillik begona oʻtlar boʻldi. Bir yillik begona oʻt tomiri yer ostlab ketmaydi. Shunday yer yuzasida boʻladi.

Boisi — bir yillik begona oʻt dondan bolalaydi.

Dastlab qoʻlim tegmish oʻt takasoqol boʻldi.

Takasoqol ingichka barg oʻt boʻldi. Uzun-uzun oʻt boʻldi. Oppoq tanli oʻt boʻldi.

Oyoqlarim uyushib-uyushib qoldi. Tizzalarim shol-shol boʻlib qoldi.

Kun qoq miyamdan urib turdi.

Men tizza suyanib qad rostladim.

Tizzamdan pastim qaqshab-qaqshab oldi...

Choʻnqayib oʻtirishdan oyoqlarim bezillab qoldi. Endi yerga ikki bukildim — toʻrt oyoq boʻldim.

Belim balandda boʻldi. Ikki oyogʻim egatda boʻldi. Ikki qoʻlim pushtada boʻldi.

Bir nozik tanali begona oʻtni ushladim.

Bu pechak oʻt boʻldi. Oppoq gullik. Noʻxatsimon donlik. Donlari bir yuz qirq mingtacha bolalagich oʻt.

Men pechak oʻtni tomiri bilan sugʻurib tashladim.

Men endi borib turmish zararkunanda ajriqqa duch keldim.

Ajriq gʻoʻza koʻkarib chiqmasdan oldin koʻkaradi. Boisi — ajriq tomirdan koʻkaradi.

Oʻzga begona oʻtlar gʻoʻza bilan ishi boʻlmaydi. Boshi yetganichayin oʻz havosida oʻsib yota beradi.

Ajriq gʻoʻza boʻgʻzidan oladi. Ajriq gʻoʻza belidan oladi.

Ajriq gʻoʻzani tomir ottirmayin oʻrab-chirmab bosadi.

Ajriqni yoʻqotib boʻlmaydi!

Emishki, laylak yuksakdan-yuksak bir qoyada uya qoʻyibdi. Laylak uyasiga xaschoʻp tashibdi. Xaschoʻplar orasida bir qovjiroqdan-qovjiroq ajriq xas-da boʻlibdi.

Kuz oʻtibdi, qish oʻtibdi, bahor oʻtibdi, saraton oʻtibdi.

Bir yildan keyin shamol ana shu ajriq xasni uyadan yerga uchirib tushiribdi.

Laylak uyasidan tushmish xasni koʻrib qolibdi. Laylak oʻz makoniga sodiq qush-da — makoni bir gʻishti boʻlmish xasni olib joyiga qoʻyish uchun quyi shoʻngʻibdi.

Laylak xasni tumshugʻi bilan tortqilaydi — boʻlmabdi. Laylak xasni tumshugʻi bilan yulqilabdi — boʻlmabdi.

Boisi — ajriq xas yerda allaqachon tomir otib qolibdi!

Men barmoqlarimni yer botirib-er botirib ajriq tomir kovladim.

Koʻz oldim qorongʻi boʻldi. Qoʻshqoʻllab yer suyandim: Qaddimni koʻtarayin dedim — koʻtarolmadim. Belim qotib qoldi.

Bir qoʻlimni belimga tirab qaddimni koʻtardim.
— Ay, belim-e, belim! — dedim.

Dardimni kimga aytdim — oʻzim-da bilmadim.

Qabatimda oʻtoq qilmish dehqonlar oʻz dardi oʻzi bilan boʻldi.

Tagʻin ikki bukildim.

Bir qoʻlim bilan gʻoʻza ushlab turdim. Bir qoʻlim bilan begona oʻt yuldim.

Shunday qilmasam boʻlmaydi — gʻoʻzalarim begona oʻt bilan qoʻshilib yulinib qoladi. Gʻoʻzalarim osti koʻchib-koʻchib qoladi.

Dalalarim adogʻigachayin ana shunday ikki bukilib bora berdim. Dalalarim adogʻigachayin ana shunday qad koʻtarmay bora berdim.

Qaddimni koʻtarsam boʻlmaydi — tagʻin bukilolmay qolaman.

21

Qorongʻi namozshomda issiq suvlab-issiq suvlab qoʻl yuvdim.

Olqindilab-olqindilab qoʻl yuvdim.

Begona oʻt koʻklari ketmadi. Kaftlarim koʻkmak-koʻkmak boʻlib qoldi. Kaftlarim qora-qora chiziq boʻlib qoldi.

22

Ayolimiz kenjadan toʻngʻichimizni ostonaga qoʻydi.
— Bor otaga, bor! — dedi.

Kenjadan toʻngʻichimiz miyiq kulib qaradi. Kenjadan toʻngʻichimiz barmoq soʻrib qaradi.
— Ha? — dedim. — Kel, qani, kel!

Men kenjadan toʻngʻichimizni barmoqlarim bilan oʻzimga imladim.

Kenjadan toʻngʻichimiz quloch ochdi. Bidirlab-bidirlab keldi. Boʻynimdan quchoqlab oldi.

Men kenjadan toʻngʻichimizni bagʻrimga oldim. Oʻzimni ketim bilan bolish tashladim.

Kenjadan toʻngʻichimiz koʻksimda minib oʻtirdi.

Men kenjadan toʻngʻichimiz... bulbulini oʻynadim.
— Oʻynab qoʻyay, chuldiringdan, oʻynab qoʻyay! — dedim. —Chuldiringdan-da, chuldiringdan-da!.. Chuldir katta boʻlsa, bir ayol olib olib beramiz-da!..

Kenjadan toʻngʻichimiz bet-boshimda barmoq yuritdi. Kenjadan toʻngʻichimiz ajinlarimni sanadi.
— Bir, ikki, uch...

Kenjadan toʻngʻichimizdan toʻngʻich-toʻngʻichimizgachayin ajinlarimni sanab-sanab katta boʻldi.

Birovi oltmish-etmish sanadi.

Tagʻin birovi ... yuzdan oshirib sanadi!

Emish-emish —bir ajin bir qaygʻuni bildirar emish.

Emish-emish — bir ajin bir dardni bildirar emish.

Emish-emish — bir ajin bir armonni bildirar emish.

Oltinchi bob

1

— Barcha uy-uyiga, kapa-kuyiga! — deya majlis tarqatdi raisimiz. — Dehqonqul aka, siz bir maydon oyoq iling!

Nima gap demishday raisimiz yuziga tikildim. Biron alomat anglamadim. Joyimga qaytib oʻtirdim. Faollar ketib boʻldi. Raisimiz idorani mahkam yopib keldi.
— Aytgan-boylaganlaringizni chiqara bering, — dedi raisimiz. — Mukofotga mototsikl olib beraman.

Men hazil deya oʻyladim. Kalla irgʻab-kalla irgʻab kuldim.
— Oʻynab qoʻyay, mototsikllaridan, oʻynab qoʻyay, — dedim.
— Nimaga kallapoychaga oʻxshab ishshayapsiz? Men sizga oʻnaqay gapni aytayapman!..

Raisimizni gapi qornidan qoʻpol boʻldi, qorni gapidan qoʻpol boʻldi.

Men gap chinligini bildim: Sergak boʻldim. Barmoqlarimni qirs-qirs etdim.
— Hali-hozir birovga bildirmay turing, — dedi raisimiz. — Mukofot oʻz oti oʻzi bilan mukofot-da.

Idoradan terimga sigʻmayin qaytdim.

Mototsikl mukofot olayin-u, ichimda yutayinmi? Mototsiklday uchqur texnikani ichda yutib boʻladimi? Maydaroq bir nima boʻlsa ekan!

Aytmayman-a, aytmayman!

Bola-baqramni qator oʻtirgʻizib maqtandim!
— Mehnat — mehnatni tagi rohat, oʻrtoqlar! — dedim. — Mana endi mototsikl minamiz, ha! Yaxshi oʻqisalaring, maktabga mototsiklda olib borib, mototsiklda olib kelaman. Yoʻq, olib kelolmas ekanman, oʻzlaring piyoda kelar ekansizlar. Men kechqurun mototsiklda maylisga borar ekanman.

Ayolimiz dasturxondan koʻz uzmadi.
— Mototsiklni pulga beradi-da, — deya mingʻilladi.
— Yoʻq, mukofotga olayapman. Rais oʻz tili bilan oʻzi aytdi, mukofotga beraman, dedi.

Hujrasi tarafdan onamiz kela berdi.
— Ha-a, kelin? — dedi onamiz. — Anavi oshingni yeyin Matrosov nima deyapti?

Ayolimiz piq-piq kuldi.
— Mototsikl olayotgan emish, — dedi.
— Eb-ey, qaysi bitiga olar emish?
— Mukofotga olar emish.
— Ha-a, davlat tentak boʻpti-da, tekindan-tekin mototsikl berib!
— Davlatni unday demang, ena, — dedim. — Ideologiya kelsa, aytib bermayin, tagʻin?
— Ayta ber! — dedi onamiz. — Ayta ber, Ideologiya suyunchisiga ishtonini yechib beradi!

Onamiz ikki barmogʻini enlab-enlab koʻrsatdi.
— Ideologiya suyunchisiga manavinday ishtonini yechib beradi! — dedi.

Ayolimiz ogʻiz ushlab-ogʻiz ushlab kuldi.

2

Qari bilgichni pari bilmaydi, degichlari chin boʻldi.

Raisimiz hujjat koʻrdi.
— Endi, pulini choʻzing, — dedi.
— Qanday pul? — dedim.
— Qanday pul boʻlardn, mototsiklni pulini-da.
— Oʻzingiz... mukofotga beraman, dedingiz-ku rais bova?

Raisimiz ket chalqayib-ket chalqayib kuldi. Raisimiz qorin bilqillatib-qorin bilqillatib kuldi.

Kula-kula, masalani bayon etdi.

Men oʻylab oʻyimga yetolmadim: buni nimasi mukofot? Hech qursa, yarim puliga bersalar-da mayli edi. Mukofot deyishga til borar edi. Koʻngil taskin olar edi.

Men buncha pulni qaerdan olaman? Bozorda bir kilo goʻsht toʻqqiz soʻm. Oʻn kun boʻldi — qozonimiz goʻsht koʻrmadi.
— Rais bova, — dedim. — Xudoga shukur, eshagim bor, bemalol yetib-ortib turibdi.
— Olasiz, mototsikl olasiz.
— Kolxozda nima koʻp, arizaboz koʻp. Mototsikl mukofoti bersangiz, arizabozlar yozadi. Och qornim, tinch qulogʻim, rais bova.
— Siz sara dehqonimizsiz. Siz mototsikl mukofot olsangiz, arizabozlar... qoladi!

Men tizzamga shartillatib bir urdim. Boʻlar gapni aytdim.
— Xullas kalom... pul yoʻq! Ana boʻlmasa! — dedim.

Raisimiz pinagini-da buzmadi.
— Bilaman, siz aytmasangiz ham bilaman, — dedi. — Dehqonda pul... yeydimi! Dehqon — bagʻri qon, deydi! Mototsikl pulini kolxoz toʻlaydi. Keyin, yillik daromadingizdan ushlab qoladi.

3

Men tumandan mototsikl minib keldim.

Mototsiklimni hovli naqd kindigida tikka tiradim. Old oyogʻini qibla qaratib koʻtardim.

Men mototsiklimni gir aylanib-gir aylanib tomosha etdim.

Mototsiklim qibla taraf ana uchayin-mana uchayin, degich... raketa misol tuyuldi.

Men oshxonada ivirsimish ayolimizga ovoz berdim.
— Ay, akang qaragʻayni mototsiklini koʻrib qoʻy! — dedim. — Bu mototsikl emas, raketa, raketa!
— Bu kishi qachon odam boʻladi, — dedi ayolimiz.
— Eb-ey, bizga nima qilibdi? — dedim. — Raketani qara, raketani!

Ayolimiz derazadan koʻrinmish oynaijahonga ishora berdi.
— Bu kishi-da anavi odamlarday boʻp, bundaygina, shlyapa kiyib yursa boʻlmaydimi, — dedi.
— Qaysi, oynai jahondagilarmi? Endi, ular katta odamlar. Biz hali u darajaga yetganimiz yoʻq.
— Nimasi katta, ular-da shu kishiday odam.
— Yoʻq, sen bilmaysan, ular katta odam. Katta odam boʻlmasa, oynai jahonga chiqarmidi.
— Katta boʻlgan balan ularni mototsikli yoʻq, bu kishiniki bor.
— Bu gaping chin! Lekin, qoʻy, odam uyaladi, shlyapa kiysam, birov-yarim, rais kelayapti, deb oʻylaydi.
— Amirboyni ayoli bu kishi mototsikli olayotganini eshitib, mototsikl olgandan koʻra, kallasiga bir nima olib kiysa boʻlardi, kallasidagi telpagi tipratikonni oʻligiga oʻxshaydi, debdi.
—Tipratikonni oʻligi? Manavi telpagim-a? Hay, enagʻarni ayoli-ya! Shu ayol qizligida-da, mendan kir qidirardi! Gʻanim — gʻanim ekan-da. Ertaga tong otsin, shlyapa kiyganim boʻlsin. Gʻanimlar kuyib kul boʻlsin.

4

Oʻzbaki — zoʻraki, deydi.

Ertasi ertalab dala ishlarimni bir yoqli etdim.

Mototsiklimni minib Denov yoʻl oldim.

Shlyapa ololmayman-a, shlyapa ololmayman, mototsikl olmish joonim, shlyapani ololmaymanmi, deya yoʻl oldim.

Mototsiklimni yoʻl girdida qoldirdim.

Qoʻsh qavat doʻkonlab koʻtarildim. Shlyapa sotgich joyni topdim. Shlyapalarga nazar soldim.

Oq shlyapa, koʻk shlyapa, sariq shlyapa... bari teshik-teshik shlyapa!

Burchakda ikkita qiz oyna koʻrib-oyna koʻrib oʻtirdi. Hiring-hiring kulishib oʻtirdi.

Men qizlarga qarab turdim-turdim — qizlar oting nima demadi!
— Oʻ-oʻ, qizlarim-ov! — deya ovoz berdim. Qizlar iyak siltadi.
— Ha, nima? — dedi.

Men kaftim bilan beri kelinglar, ishorasini berdim.

Qizlar bir-biroviga qarab oldi. Birovi yuzini ushlab kuldi. Birovi boshini ketiga tashlab kuldi.

Birovi men taraf yurdi. Oldimga kelar-kelmas tagʻin iyak siltadi.
— Ha, nima kerak? — dedi.

Qiz qoshimda toychoqday lik-lik etdi. Qiz peshtaxta chertib-chertib oʻynadi.

Qiz ust-boshimga qaradi. Qiz betimga qaradi... qiz aft burdi. Qiz burchak qaradi.
— Boʻling, davay, boʻling! — dedi.

Men nimadan gap boshlashimni bilmadim. Bir shlyapa ber, deyin dedim — ep boʻlmadi. Tilim bormadi!

Tagʻin, turgan-turishing shu, senga shlyapani kim qoʻyibdi, deydimi deya oʻyladim.

Qiz burchak tikilib likillashidan — bizga oʻxshagichlarga shlyapa bergich qiz boʻlmadi.

Bir koʻnglim — obroʻyimni borida qaytib keta berayin, dedim.

Bir koʻnglim — elan-qaran keldim, endi soʻrayin, dedim.

Ogʻzimni shuncha juftladim shlyapa deyolmadim!
— Anavindan ber, — dedim.
— Shlyapa? Razmer, razmer?
— Razmer deb oʻtirasanmi, birovini ber-da qoʻy-da.

Qiz oldimga bir dasta shlyapa tashladi. Men oyna oldida bitta-bittadan shlyapa kiyib koʻrdim..

Oʻynab qoʻyay-oʻynab qoʻyay, jigitni qaranglar-ay, jigitni-e, dedim.

Men oʻzimni oʻzim tanimadim. Men oʻzimga oʻzim besh ketdim!

Qiz burchakdan koʻz olmadi.

Qiz yer ostidan kallamga koʻz qir tashladi.

Qiz burun jiyirdi. Qiz peshona tirishtirdi.

Oxir-oqibat — bir shlyapa kallamga chippa yopishdi.
— Shuni narxini ayt, — dedim. Qiz yuzimga qayrilib-da qaramadi.
— Besh soʻm! — dedi.
— Oʻzi teshik-teshik boʻlsa, yana-tagʻin, oftobdan saqlamasa, buni nimasi besh soʻm? — dedim.

Qiz javob bermadi. Burchak qarab tura berdi.

Men besh soʻm uzatdim.

Qiz burchak qaramish zayli pul oldi. Biyqillatib gʻaladon ochdi. Pulni gʻaladon tashladi. Tagʻin gʻiyqillatib gʻaladon yopdi.

Shunda, peshtaxtada taxloqlik baxmalga koʻzim tushdi. Guldor baxmal koʻzimni oʻynatdi. Olmasam-da, soʻrab-surishtirgim keldi.
— Baxmal qanchadan boʻldi? — dedim.
— Olmasangiz nima qilasiz, — dedi qiz.
— Oʻynab qoʻyay, baxmallaringdan, oʻinab qoʻyay, olaman desam, olaman.
— Besh soʻmlik shlyapani koʻrib yuragingiz yorilib ketdi-yu.
— Yorilgan yoʻq, qizim, yorilgan yoʻq, unday dema.
— Soʻzana qimmat, ellik soʻm, — dedi qiz.
— Yuz soʻm tursa-da, ber qani, bir koʻrayinqani.

Qiz baxmalni zarda bilan oldimga tashladi. Oʻzi bir burchidan ushlab turdi.

Men goʻyo olar odamday baxmalni silkib-silkib yoydim.

Shunda, baxmal burchi qiz qoʻlidan chiqib ketdi.

Qiz qoʻlini beliga tiradi, Qiz uchchosini chiqardi. Qiz kafti bilan betiga shamol etdi.
— Uf-f-f... koʻrib boʻldingizmi? — dedi.

Men bir qizga qaradim, bir baxmalga qaradim, bir yonimga qaradim.

Yonimda pul boʻldi. Ayolimiz un olasiz, deya bermish pul boʻldi. Pul bir haftadan buyon yonimda yurdi.

Men yonimni kovladim. Ana shu pulni oldim.

Men barmoq tupuklab-barmoq tupuklab pul sanadim. Men qiz qulogʻiga quyib-quyib pul sanadim:
— Bir soʻm, ikki soʻm, uch soʻm... Ellik soʻm! Ana, ellik soʻm! Endi, shu baxmalingni berman ber!

Qish peshtaxtadan pulni oldi. Sanab-sanab gʻaladon soldi.

Qiz baxmal oʻrab boshladi.
— Oʻrama, shunday ber! — dedim. Qiz baxmalni oldimga surdi.

Men baxmalni olib burchak bordim. Yer joylashib oʻtirdim. Etiklarimni birin-ketin sugʻurdim.

Baxmalni tirr-tirr ikki boʻldim.

Bir boʻlagini bu oyogʻim oʻradim, bir boʻlagini u oyogʻim oʻradim.

Etiklarimni tortib-tortib kiyib oldim. Etiklarimni yer tepib-er tepib kiyib oldim.

Doʻkonda yurmishlar ajablana-ajablana qarab-qarab oʻtdi.

Qiz... koʻrdim demadi! Qiz... mijja qoqmadi!

Qiz oyna qarab qosh siladi. Qiz oyna qarab zulf tobladi.
— Baxmal soʻzana... — deya ming-ming etdi.
— Dalaga boʻla beradi, — dedim. — Bizni dalaga baxmal soʻzanayam boʻla beradi!

Qiz... eshitdim demadi! Qiz... quloq qoqmadi! Men telpagimni qoʻltigʻimga bosa-bosa eshik ravona boʻldim.
— Bozorim baroridan keldi, — dedim. — Shlyapa bilan paytava qidirib kelib edim, ikkovini-da topdim!
— Gulya, — deya, hamkasabasi taraf yurdi qiz. — Gulichka, uydan gollandskiy sir olib kelganman, obed qilmaymizmi?

5

Ostimda mototsikl, boshimda shlyapa — garmselday-garmselday yeldim.

Shlyapamni oyna solib-oyna solib yeldim.

Yoril-e, Dehqonqul-e, yoril-e, dedim.

Bir-ikki chaqirim yeldim — shlyapamni oyna soldim. Tagʻin bir-ikki chaqirim yeldim — tagʻin shlyapamni oyna soldim.

Rais boʻlib ket-e. Dehqonqul-e, rais boʻlib ket-e, dedim.

Shunda xiyol oʻylab qoldim. Oʻzimni yer urmishday boʻldim. Past ketmishday boʻldim.

Chin-da, rais kim boʻpti? Shlyapsi boʻlgan bilan... mototsikli yoʻq! Davlatni mashinasiga kuni qolgan.

Unda... raykom boʻlib ket-e, dedim. Shunda, oʻzimni oʻzim bilmishday boʻldim.

Rais bilan raykom oʻrtasi boʻlib ket-e, dedim.

6-7

Uyda shlyapa kiyib oynaijahon koʻrdim.

Oynaijahonda AQSh prezidenti shlyapasini yer olib qoʻydi.

Siz-da, shlyapangizni oling. Dehqonqulboy, dedim.

Men shlyapamni olib qoʻydim.

AQSh prezidenti shlyapasini kiydi.

Shlyapangizni kiying. Dehqonqulboy, dedim.

Men-da shlyapamni kiydim.

AQSh prezidenti shlyapasini men taraf silkitdi.

Men-da shlyapamni oynaijahon taraf silkidim.

AQSh prezidenti shlyapasini boshiga qoʻndirdi. Samolyotga kirib ketdi.

Men-da shlyapamni boshimga qoʻndirdim. Bolish yonboshladim.

Hurillatib-hurillatib choy ichdim.

Ay, shlyapangizni qirquvidan-da, Dehqonqulboy, shlyapangizni qlrquvidan-da, dedim.

Ammo....bosh kiyim koʻrdim — shlyapaday beqilligʻini koʻrmadim!

Kallamni qashilayin deya qoʻl uzatdim — qoʻlim oʻz-oʻzidan shlyapa qirquviga tegib ketdi.

Shlyapa yer tegib-tegmay yumalab-yumalab joʻnadi. Uy burchagiga borib toʻxtadi.

Men oʻrmalab borib shlyapamni olib keldim.

Tagʻin shlyapa kiyib choy ichdim. Qoʻlim tagʻin shlyapa qirquviga tegib ketdi.

Shlyapa yumalab-yumalab joʻnadi.

Oʻynab qoʻyay, sendaychikin bosh kiyimdan, oʻynab qoʻyay, dedim.

Bosh kiyim boʻlsa — kiroyi telpakday boʻlsa-da. Telpak vazmin-vazmin, sobit-sobit bosh kiyim.

Telpak tap etib yer tushdimi, boʻldi — joyida qimir etmay tura beradi. Shlyapadayin yumalab, odamni oʻrmalatib yurmaydi.

Shlyapam yer tushib, burchak yumalashini qoʻymadi — men ushlab kelib, kallamga qoʻndirishimni qoʻymadim.

Men tevarakka kami bilan raisona-raisona, koʻpi bilan raykomona-raykomona qaradim.

8

Gʻoʻzalarim qirq kunlik boʻldi.

Gʻoʻzalarim qirqida suvsadi.

Gʻoʻzalarim suvsaganini qanday bildim?

Bir qarich yer ostidan bir siqim tuproq oldim. Tuproqni mahkam-mahkam siqimladim.

Tuproq bir-biri bilan qovushmadi. Tuproq chochilib-chochilib turdi.

Demak— gʻoʻzalarim suvsadi.

Chirtillatib bir barg uzib oldim. Bargni qoʻsh-qoʻllab bir bukladim.

Barg qoq oʻrtasidan oʻtmish yoʻgʻon tomir qirs etib sinmadi.

Demak—gʻoʻzalarim suvsadi.

Men gʻoʻzalarimni suvladim.

9

Dalalarimda assalomalaykum bilan chirmoviq toshdi.

Men yigirma kilo pentaxlor-fenol bilan besh yuz kilo suv aralashtirdim.

Bir gektar dalamga yigirma kilolab sepdim.

Boʻlmadi — assalomalaykum bilan chirmoviqqa bas kelmadi.

Bir daxlorpropinat degich dori bor. Men uni dalapon dori deyman.

Sakkiz kilo ana shu dalapon dori bilan besh yuz kilo suv aralashtirdim.

Dalalarimni uch bora dalapon doriladim.

Assalomalaykum bilan chirmoviqni uyi kuydi!

10

Oʻynab qoʻyay, yangi texnikalaridan oʻynab qoʻyay!

Kim qancha yildirkim, xoʻjaligimizda KXU-4 degich yangi texnika bor otangga boʻladi, bor onangta boʻladi.

Boridan yoʻgʻi yaxshi boʻladi!

Boisi — gʻoʻza ostini ishlagich mazkur texnika keti bir ramalik. U baland shatakka taqiladi. Natijada traktordan xiyla keyinda turadi. Shu bois, yerdan risoladagiday koʻtarilmaydi.

Oqibat — toʻrt-besh qadam dala bosh-adoq gʻoʻzani qirqib-qirqib buriladi. Oqibat — toʻrt-besh qadam dala bosh-adoq oppoq paxtani nobudlab-nobudlab buriladi.

Men yo toʻrt-besh qadam dala bosh-adoq gʻoʻzamni ekmasligim lozim boʻldi, yo eksam-da, toʻrt-besh qadam gʻoʻzamni oʻrib-oʻrib tashlashim lozim boʻldi, yo... ana shu yangi texnikadan kechishim lozim boʻldi.

Men yangi texnika bahridan oʻtdim.

Chin-da, yangi texpika deya atalmish goʻrsoʻxtani nima qilaman? Chin-da, dala bosh-adoq gʻoʻzalarimni kunpayakun etib nima qilaman?

Eskisi traktor bortovoyiga taqiladi. Traktor ballonlari oraligʻiga taqiladi. Shu boisdan-da eskisini yerdan koʻtarib olish gʻoyat oʻngʻay boʻladi. Eskisini burib olish gʻoyat qulay boʻladi.

Eskisi bitta-da gʻoʻzamni qirqmaydi. Eskisi bitta-da gʻoʻzamga ziyon bermaydi.

Men har yil ana shu eski texnika tufayli dalalarim bosh-adogʻidan yigirma tonna oppoq paxtamni omon olib qolaman.

Yigirma tonna olpoq-oppoq paxta!

Aytishga oson —ogʻiz bir chetidan chiqadi-ketadi.

Aslida — yigirma tonna oppoq paxta el-yurt uchun olamjahon-olamjahon naf boʻladi.

Men kattalardan nordon-nordon gaplar eshitdim.

Ammo dalalarimga eskisini soldim. Gʻoʻzalarim ostini haydadim.

Traktor tishlari tegmayin oʻtmish gʻoʻza uya oralari koʻp-koʻp qoldi.

Gʻoʻza uya oralari ana shundayin qola bersa — hosil choʻgʻsiz-choʻgʻsiz boʻladi.

Men gʻoʻza uya oralarini ketmonim bilan yumshatib-yumshatib oldim.

Pushta tuproqni egatlab tushirdim. Egat tuproqni pushtalab oldim.

Oqibat — pushtada toʻplanib-toʻplanib yotmish oziq moddalar gʻoʻzalarim ostiga tushdi.

Gʻoʻzalarim avj-avj oʻsdi.

11

Ogʻilimizni biryogʻi qiyshayib qoldi.

Men qarab-qarab qoʻydim. Bu yil qishni oʻtkazar, deya oʻyladim. Ammo men oʻylamishday boʻlmadi.

Qiyshaymish devor belidan agʻnab tushdi.

Tabiatim tirriq boʻldi.

Ogʻil oldilab sim chiroq sudrab bordim. Tut ayrisiga chiroq ildim.

Ogʻilxona yop-yorugʻ boʻldi.

Agʻnamish devorni ketmon bilan maydaladim — loyxona etdim.

Yotar vaqti-yotar vaqti ariq yoqalab bordim.

Suv boshida quloqchi yoʻq boʻldi.

Paxtaga bormish suvdan oʻgʻirlab keldim.

Suv men bilan baravar loyxonalab keldi.

Cholvorimni tizzalab lippa urdim. Kaftlarimni tupuklab hoʻlladim. Ketmon olib loy kirdim.

Devor kesaklarni tepib-tepib loy etdim. Ketmon bilan urib-urib loy etdim. Tepkilab-tepkilab pishitdim. Ustidan suv sepdim.

Saharda vaqtliroq turib devor uraman, deya niyatlandim.

Ammo saharda uxlab qoldim.

Esnab-esnab loyxona keldim. Loy qaradim-loy qaradim — nima qilishimni bilmadim. Devor urayin dedim — dala qolib ketar boʻldi, dala borayin dedim — loy qotib qolar boʻldi.

Oʻyladim-oʻyladim — tagʻin ariq yoqalab suv boshi bordim.

Bu safar quloqchi boʻldi.

Unday dedim, bunday dedim — quloqchi koʻnmadi.
— Yoʻq, berolmayman, suv paxtaga borayapti, — dedi.

Yopishib oldim, kuyinib oldim.
— Molxonamizni yarmi yoʻq! — dedim.
— Yoʻq boʻlsa nima qilayin? Mol zarilmi, paxta zarilmi?
— Paxta zaril!
— Otangizga balli, paxtani oldida mol nima degan gap!

Nima deyishimni bilmadim. Kelgich izimdan qaytib kelaberdim.

Uydan katta bidon olib keldim.

Bidon bilan yelkamda suv tashidim. Besh-olti marta qatnadim.

Loy suvladim. Loy yuzi kilkillab-kilkillab qoldi.

Mototsiklimni minib dala yoʻl oldim.

Kun boʻyi loydan alagʻda boʻldim.

Kun botishi bilan ayolimizga javob berdim.
— Bor-da, loyga suv sepib tur, qotib qolmasin, — dedim.

Oqshom tunar-oqshom tunarda uyimizlab keldim. Tut ayrisida chiroq yonib-yonib turdi. Lozimini tizzalab-tizzalab turib-turib olmish ayolimiz... loy tepdi.

Ayolimiz sochlari loy tegmasin uchun soch turmaklab-soch turmaklab loy tepdi. Ayolimiz roʻmoli bilan bel boylab-bel boilab loy tepdi. Ayolimiz koʻylak etaklari loy botmasin uchun qoʻshqoʻllab etak koʻtarib-qoʻshqoʻllab etak koʻtarib loy tepdi.

Ayolimiz harsilladi!

Ayolimiz loydan illa-illa oyoq koʻtarib oldi.
— Bekor loy kiribsan-da, —dedim. —Men senga suv sepib tur, deb edim-ku?
— Suv sepdim, qotib qopti.
— Bolalarni loy solsang boʻlardi.
— Bolalar zarra boshidan qorason boʻlsinmi endi.

Bolalar mayda-mayda satillarda suv tashidi.
— Boʻldi, loydan chiq, — dedim. — Bor, mol-holingga qara, qozon-tobogʻingga qara.

Ayolimiz loydan chiqaman dedi — chiqolmadi, chiqaman dedi — chiqolmadi. Oyogʻini loydan tortib ololmadi!

Men ayolimizni qoʻltiqlaridan olib, loydan chiqarib qoʻydim.

Bolalar hiring-hiring kuldi.

Men ketmon bilan qoʻzgʻab-qoʻzgʻab loy tepdim. Men suvlab-suvlab loy tepdim.

Loy pishidi. Loy tobga keldi.

Men ogʻilxona devorini minib ayolimizni chaqirdim.

Ayolimiz qozonini onamizga qoldirib keldi.

Loy urish oson, loy olib berish qiyin.

Ammo ayol zoti devor urolmaydi-da.

Shu bois — ayolimiz loy olib berdi, men devor urdim.

Ayolimiz beldasta suyana dam olib-beldasta suyana dam olib loy olib berdi.

Ayolimiz loy sob boʻlgunichayin loy olib berdi.

12

Yotar vaqti ayolimiz oʻng oyogʻi boshmaldogʻini ushlab-ushlab voy-voyladi.

Ayolimiz boshmaldogʻini onamizga tutdi. Onamiz yoruqqa solib qaradi.
— Eb-e-y! — dedi. — Tirnoq koʻchibdi, boshmaldogʻingni tirnogʻi koʻchibdi. Tirnogʻingni olib yursang oʻlasanmi, qirilib ketgur!
— Tirnoqqa qaraydigan vaqtmi, — dedi ayolimiz. Men ishonmayin qaradim.

Chin, tirnoq chetlar qontalash-qontalash boʻlibdi. Chin, tirnoq uchlar koʻtarilib-koʻtarilib turibdi.
— Dehqonqul, bor, qaychini olib kel, — dedi onamiz.

Men qaychini olib keldim.

Onamiz koʻchgan tirnoqni qirt-qirtillatib olib tashladi.

Ayolimiz ingrab yubordi
— U-u-uh!.. —dedi.

Onamiz qaychini ayolimizga uzatdi.
— Ma, tirnoqlaringni ol, — dedi. Ayolimiz qaychini qoʻli bilan qayirdi.
— Dardim tirnoqmi, — dedi. — Oʻzi, uyqum kelib, oʻlib borayapman.
— Kel, unda oʻzim olib qoʻyayin.

Onamiz ayolimiz oyoqlarini tizzasiga oldi. Tirnoqlariga qaychi soldi.

Ayolimizni oyoqlari... turli-tuman boʻldi!

Bebilchagidan yuqorisi osma qovundayin toʻr-toʻr qora boʻldi.

Kalishdan tashqari yurgich joyi ana shunday toʻrlama-toʻrlama boʻldi.

Bebilchagidan pasti quyruqdayin oppoq-oppoq boʻldi.

Kalish ichida yurgich joyi ana shunday quyruq-quyruq boʻldi.

Ayolimiz tovonlari... qop-qora boʻldi!

Ayolimiz tovonlari... tilim-tilim yoriq boʻldi! Qaqroq yerday-qaqroq yerday taram-taram yoriq boʻldi!

Subhi sodiqqachayin zim-ziyo uyimizni oh oldi.
— O-o-oh, oyogʻim!.. — deya uyqusiradi ayolimiz. — O-o-oh, oyoqqinam-a!.. — deya oh urdi ayolimiz.

13

Tagʻin dalalarimni begona oʻt bosdi.

Qadamimda semizoʻt yoyilib yotdi.

Semizoʻt oʻz oti oʻzi bilan yoʻgʻon-yoʻgʻon oʻt boʻldi. Barmoqday tanasi toʻla suv oʻt boʻldi.

Semizoʻt yerda bor boʻlmish namni soʻrib-soʻrib oldi. Semizoʻt yerda bor boʻlmish gumusni shimib-shimib oldi.

Gʻumaylarni tag-tomiri bilan qoʻporib toʻdaladim. Jarariqqa olib borib koʻmib tashladim.

Filquloq bargli itquloq yuldim.

Ikki-uch bargli shalpangquloq yuldim.

Shoʻraoʻt tortqilay berib qoʻllarim sasib-sasib qoldi. Shoʻraoʻt tortqilay berib dimogʻlarim aksirib-aksirib qoldi.

Bir xushroʻy bargli oʻt bilan roʻparoʻ boʻldim.

Oʻt bir bargi noparmon boʻldi, oʻt bir bargi qip-qizil boʻldi. Oʻt uchida popugi-da boʻldi. Popugida gʻuj-gʻuj donalari-da boʻldi.

Begona oʻt koʻzimni oldi. Begona oʻt koʻnglimni oldi. Begona oʻt zavq-shavqimni oldi.

Yovvoyi tojixoʻroz ana shunday oʻt boʻldi!

Tojixoʻroz doni shamolda uchsa — besh minggachayin bolalaydi. Tojixoʻroz doni suvda oqsa — besh yuz minggachayin bolalaydi.

Erkak qamish ichida oppoq poxoldayin poʻpagi boʻladi. Shu poʻpagidan ichi moʻrt boʻladi. Bir qayirib sindirsa boʻladi.

Urgʻochi qamish yulish it azob boʻldi! Urgʻochi qamishni tortdim — yulinmadi. Urgʻochi qamishni qayirdim — sinmadi.

Shu chayirligi uchun-da urgʻochi qamishdan boʻyra qiladilar!

Urgʻochi qamish bargi kaftlarimni tildi. Urgʻochi qamish bargi barmoqlarimni tildi. Misoli olmos bilan kesmishday tildi!

Tiliklarimdan qip-qizil qon koʻpirdi,

Men tiliklarimni lablarim bilan soʻrdim. Men tiliklarimni tupugim bilan namladim. Men tiliklarimni quruq tuproq bosib doriladim.

Qonim qoldi. Ammo tiliklarim achishib-achishib ogʻriy berdi.

Men qop-qora noʻxat hosilli ituzum yuldim.

Men handalak hidli zarpechak yuldim.

Qirqboʻgʻin gʻoʻzalarimni yopib-yopib oʻsdi. Qirqboʻgʻin gʻoʻzalarimni oʻrab-oʻrab oʻsdi. Qirqboʻgʻin gʻoʻzalarimni boʻgʻib-boʻgʻib oʻsdi.

Dalalarimda koʻk chirmoviq-da serob boʻldi, sariq chirmoviq-da serob boʻldi.

Chirmoviqlar gʻoʻzalarim tanini oʻrab-oʻrab oldi. Chirmoviqlar gʻoʻzalarim jonini siqib-siqib oldi.

Men qirqboʻgʻinlarni changallab-changallab yulib tashladim.

Men chirmoviqlarni tirnoqlab-tirnoqlab yulib tashladim.

14

Yotardan oldin qoʻllarimni olqindilab-olqindilab yuvdim.

Kaftlarimni qayroqtosh bilan qirdim. Barmoqlarimni qayroqtosh bilan ishqaladim.

Kaftlarim avi-buji kir boʻlib qoldi. Barmoqlarim chiziq-chiziq qora boʻlib qoldi.


15

Idoralab borib edim, raisimiz ostonada oldimni oldi. Ichkaridan qogʻoz oʻrogʻliq bir nima olib keldi.
— Manavini biznikiga olib borib bering, Dehqonqul aka, — dedi.
— Bu nima? — dedim.
— Qoʻy goʻsht. Ayolga ayting, kattalarbop ovqat qilsin. Yuqoridan odam bor. Tagʻin, bera solib qochmang, goʻshtni maydalab bering.
— Maylis nima boʻladi, rais bova?
— Oʻsha oʻzingiz bilgan maylis-da, boring.
— Tagʻin qaytib kelayinmi?
— Kelib yurmang, ayolga qarashing, boring. Mototsiklimni raisimiz darvozasi oldida toʻxtatdim.

Oʻzimizni uyga kirmadim — bolalar qoʻlimdagn goʻshtni koʻrsa tomogʻi tushadi, deya oʻyladim.

Raisimiz ayoliga goʻshtni berdim. Bor gapni aytdim.
— Nima koʻp, yomon qovunni urugʻi koʻp, nima koʻp, katta koʻp... — deya mingʻilladi raisimiz ayoli.
— Unday demang-e, hamsoya, — dedim.
— Nimaga demayman, deyman! Umrim kattalarga qozon qaynatib oʻtdi! Yana-tagʻin, qirilgurlar unday-bunday taomni yemaydi! Bola-baqraga boshqa qozon, kattalarga boshqa qozon qaynataman. Bilmayman, kattalar osmondan tushganmi!
— Ha endi, katta boʻlgandan keyin, nozikta'b boʻladi-da.
— Ha, kuydirgi chiqsin, nozik ta'biga, kuydirgigina chiqsin! Yana-tagʻin, maylis poylab qozon qaynataman. Maylisi oʻlgur boʻlsa, yarim kechasi tamom boʻladi!

Men raisi soʻrida joylashib oʻtirdim. Pichoqni qayroqtosh charxlab oldim. Goʻsht maydalab boshladim.

Men oynaijahon qarab-qarab goʻsht maydaladim.

Oynaijahon bor — raisimizda bor-da! Raisbop oynaijahon! Rangli-rangli oynaijahon! Qizilini qizil, koʻkini koʻk koʻrsatgich oynaijahon!

Maskovdan goʻzallar musobaqasi boʻldimi yo goʻzallar namoyishi boʻldimi, ishqilib — ajab bir sinoat boʻldi.

Oʻng yoqdan bir goʻzal keldi, chap yoqdan bir goʻzal keldi — oynajahon goʻzalga toʻldi!

Sarvqad goʻzallar, chikkabel goʻzallar, sadaftish goʻzallar boʻldi!

Goʻzallar kerila-kerila qadamladi. Goʻzallar irgʻala-irgʻala qadamladi. Goʻzallar sollana-sollana qadamladi. Goʻzallar nozlana-nozlana qadamladi.

Ay, bir qizlar boʻldi, ay, bir qizlar boʻldi! Paxtaday oppoq qizlar boʻldi. Qosh-kiprigi qop-qora qizlar boʻldi. Lablari paxta guliday qip-qizil qizlar boʻldi. Aybi... yalangʻoch qizlar boʻldi!

Men mahliyo boʻlib oʻtirdim-oʻtirdim... oʻz-oʻzimdan uyaldim. Yuzlarim qizidi. Yoʻq, lovv-lovv yondi. Koʻzlarim pir-pir etdi.

Men oynaijahondan koʻzlarimni oldim. Boshimni qirt-qirt qashidim. Raisimizni ayoli qarayotgan boʻlsa-ya, deya koʻz qirim bilan oshxona taraf qaradim.

Raisimizni ayoli qozoni bilan hamankara boʻldi. Duyum-duyum oynaijahon-da qarab-qarab qoʻydi.

Raisimizni ayoli mana munday demishday boʻldi:

«Muncha koʻzingni loʻq etib qaraysan? Nima, umringda yalangʻoch ayol koʻrganing yoʻqmi?»

Yuzlarim haminqadar lov-lovulladi..

Boshimni tagʻin-da quyi egdim. Dasturxon egdim, Dasturxon bukdim.

Men mana munday demish boʻldim:

«Men yalangʻoch ayollarga qarayotganim yoʻq. Mana, dasturxon qarab oʻtiribman».

Esi dardim esa... goʻzallarda boʻldi! Koʻz ostimdan qarab-qarab oldim...

Turk goʻzali bosayinmi-bosmayinmi, deya odimladi. Oqterak bel-oqterak bel oppoq sonlarini irgʻab-irgʻab odimladi...

Men ich-ichimdan miriqdim. Men qilt-qilt yutindim...

Tagʻin oshxona taraf koʻz qirimni tashladim

Raisimizni ayoli qozondan yuzini oldi. Oynaijahon qaradi. Bir koʻzi qozonda boʻldi, bir koʻzi oynaijahonda boʻldi.

Raisimizni ayoli mana shunday demishday boʻldi!

«Erkak boʻlmay oʻl-a. Yalangʻoch ayolga qaramay koʻzing oʻyilsin-a».

Men bir-ikki yoʻtalib-yoʻtalib oldim. Boshim uzra shigʻil-shigʻil pishib yotmish husayni uzumlarga bosh koʻtarib qaradim.

Bet-boshim uzumlarda boʻldi, koʻz qirim goʻzallarda boʻldi.
— Manavi husayni-ya, hamsoya? — dedim.
— Husayni, nima edi?
— Men jovuzmikin, debman... Men mana munday demish boʻldim:

«Men yalangʻoch ayollarga qarayotganim yoʻq. Mana, husayni uzumlarga qarab oʻtiribman».

Aslida... bet-boshim uzumlarda boʻldi, koʻz qirim goʻzallarda boʻldi.

Badanlarim varaja-varaja etdi.

Ogʻzimdan suvim oqdi.

16

Kattalar bir mahalda keldi.

Qoʻlyuvgichda qoʻl chaydi. Birin-ketin ichkariladi.

Men ostonadan yeguliklar uzatib turdim.

Raisimiz qoʻshqoʻllab olib dasturxon qoʻyib turdi.

Men ostonada turdim
— Endi nima qilayin, rais bova? — dedim. Raisimiz eshik baldogʻidan ushladi.
— Boʻpti, endi qayta qoling, —dedi. —Erta dala borgich odamsiz.
— Esa-chi, — dedim. — Dala bormay, qaer boraman.

Raisimiz eshikni ichidan yopdi.

17

Mototsiklimni oshxonamiz devori suyadim.

Ohista-ohista ichkariladim.

Timirskilanib toʻshak toldim. Ust-boshimni yon-bosh qoʻydim. Oyoqlarimni uzatib kerishdim. Koʻzlarimni yumib-yumib yotdim.

Ammo uyqum kelmadi. Boyagi goʻzallar koʻz oldimdan ketmadi...

Ayolimiz taraf ohista qoʻl uzatdim. Toʻshak siladim. Toʻshak bosh-adogʻini paypasladim.

Ayolimiz joyida boʻlmadi.

Ayolimizda bolalarni naryogʻiga oʻtib yotib olish odati bor edi. Yo, shunday etdimikin, dedim.
— Ay... —dedim ohista. Ovoz boʻlmadi.

Men ohista turdim. Kaftlarimni gilam tirab toʻrt oyoq boʻldim. Bolalarni boshi tarafdan oʻrmalab bordim. Yuzimni bolalar yuziga tutib qaradim. Birin-birin qaradim.

Ayolimiz boʻlmadi.

Toʻshakni eng chekkasini — ayolimiz mendan bezor boʻlib borib yotib olgich chekkasini qaradim.

Ayolimiz u yerda-da boʻlmadi.
— Ay, qaerdasan? — dedim.

Shunda, chindan-da ayolimiz uyda yoʻqligini bildim.

Oyogʻimda tik turdim. Serrayib qoldim. Bir-bir bosib dahliz chiqdim. Undan mehmonxona oʻtdim. Chiroqni yoqdim.

Ayolimiz mehmonxona toʻrida yotdi.

Oʻrtada dasturxon yoyiqlik boʻldi. Dasturxonda bir korson taom boʻldi. Taom usti non bilan yopigʻlik boʻldi.

Chiroq yonishi bilan ayolimiz bolishdan bosh oldi.

Tirsak suyanib oʻtirdi. Kaftini peshonasilab soyabon etdi.
— Qayoqda yuribdi?.. — deya miigʻilladi.
— Yuqoridan kattalar keldi, — dedim. — Kattalar bilan oʻtirib qoldim.
— Unda, qorni toʻqdir-da?
— Koʻcha-koʻyda qachon qorin toʻyib edi-da, endi toʻyadi. Bolalarni ovloq qoldirib, sen buyoqda nima qilib yotibsan?
— Bu kishini xoʻragini qoʻrib yotib-yotib, uxlab qolibman. Ana, anavi xoʻragini yesin.

Ayolimiz shunday deya, tagʻin yostiqqa bosh tashladi.

Men koʻrpacha joylashib oʻtirdim. Qoshiq bilan taom qoʻzgʻadim.

Taomda tagʻin goʻsht yoʻq boʻldi!

Men ayolimizga bir zahrimni sochayin, dedim-dedim — tagʻin indamadim. Chin-da, goʻsht boʻlmasa ayolimizda nima ayb?

Men taomga non toʻgʻradim. Korson non bilan toʻldi. Goʻsht oʻrnini non bosdi.

Koʻnglim tortib-tortmay kavshandim. Tevarak alanglab-alanglab kavshandim.

Uzala yotmish ayolimizga tikildim.

Ayolimiz pish-pish uxladi. Ayolimiz hur-hur uxladi. Ayolimiz oʻng qoʻlini belidan boshiga olib qoʻyib uxladi.

Shunda, ayolimiz oʻng qoʻltigʻi ostiga koʻzim tushdi.

Ogʻzimdagi ogʻzimda qoldi, boʻgʻzimdagi boʻgʻzimda qoldi. Bir nafas kavshanmay qoldim. Ayolimiz qoʻltigʻiga tikilib qoldim.

18

Men bolish yonboshladim.

Bolishimni ayolimiz bolishiga qoʻshdim.

Qoʻlimni ayolimiz boʻyni ostidan oshirdim. Boshini bilagimgʻa oldim. Peshonamni peshonasiga tekkizdim. Koʻzlarimni yumib yotdim.

Shunda... ayolimiz sochlaridan... ayolimiz sochlaridan... butifos... butifos hidi keldi!

Koʻzlarim yalt etib ochildi.

«Yo, pirim-e, hali dalaga butifos sepmadik, butifos hidi qaerdan bino boʻldi? — deya oʻylay-oʻylay topdim. — Ayolimiz Jarariqdan molga oʻt olib keladi. Oʻtni boshida koʻtarib keladi. Bu hid oʻtgan yili sepilib, haliyam oʻtlarda yotmish butifos hidi boʻldi».

Men koʻzlarimni chirt yumdim. Men butifos hidini bilib-bilmaslikka oldim. Men butifos hidini koʻrib-koʻrmaslikka oldim.

Ayolimiz yelkalarini silab-siypadim.

Ayolimiz silab-siypovlarimni oʻzicha oʻyladi... Ayolimiz silab-siypovlarimni oʻzicha yoʻydi...
— Sidirgʻa yotsin, — dedi. — Suv sovuq...

Qoʻlimni yelkasidan olib tashladi.

Koʻnglim uvishdi. Koʻnglim ezildi. Koʻnglim oʻyildi!

Men bolishimni ayolimiz bolishidan xolisroq oldim.

«Endi... bu zot-da... ayol-da? — deya koʻnglim kuydi. — Ayoldir-da, ana, noz etayapti-ku? Ayoldir-da, ana, nozlanayapti-ku?»

Men yuzlarimni bolish bosdim.

«Kim boʻlsa-da... bolalarimni onasi, — deya koʻnglim iydi. — Kim boʻlsa-da... pushti kamarimdai boʻlmish bolaginalarimni onaginasi», — deya koʻnglim iydi.

Shunda, yagʻrinlarim ayolimiz tafti nafasini tuydi.
— Oʻ-oʻy? — dedi ayolimiz. — Oʻ-oʻy?.. Ayolimiz qapishib-qapishib keldi. Men oʻzimni uxlamish oldim.
— Birday shunday etadi, — deya yorildi ayolimiz. — Dardimnn aytayin deyman, chappa burilib yotib oladi...
— Nima darding bor, ayta ber.
— Oʻ-oʻy, ayollar Xoʻjai Obigarmga tomoshaga borayapti ekan.
— Ha-a.
— Bari erkagi bilan borayapti ekan.
— Ha-a.
— Xoʻjanov muallim ayoli bilan bosh boʻlyapti ekan.
— Ha-a.
— Bir hafta yotib kelar ekan.
— Bir hafta? Paxta nima boʻladi?

Ayolimiz aytib-aytib yigʻladi:
— Shunday deyishini bilib edim. Men bechora ishni ostida chirib ketaman...
— Endi, sen oʻzingni Xoʻjanovni ayoliga teng etma-da. Xoʻjanov muallim, ayoli magazin mudir. Ularda biryogʻi pul katta, biryogʻi dam olish kuni degan gaplari bor. Sen bilan bizda nima bor? Na pul bor, na dam olish kun bor, oʻz otimiz oʻzimiz bilan kolxozmiz.
— Men bechora ishni ostida oʻlab ketaman...

19

Chilla lovulladi!

Kun buk boʻldi.

Kun dim boʻldi.

Qilt etmish shabada esmadi.

Gʻoʻzabop-gʻoʻzabop havo boʻldi.

20

Dala yuzasida koʻz bilan koʻrib boʻlmas zax boʻladi.

Dala yuzasida qoʻl bilan ushlab boʻlmas nam boʻladi.

Ana shu zax gʻoʻzani ushlab-ushlab turadi.

Ana shu nam gʻoʻzani tortib-tortib turadi.

21

Chilla ana shu yuza zaxni yer ostilatib-er ostilatib choʻktirdi.

Chilla ana shu yuza namni yer ostilatib-er ostilatib endirdi.

Chilla yer gʻoʻza ostidan koʻtardi.

Chilla quyosh gʻoʻza uchidan tortdi.

Gʻoʻza gur-gur oʻsdi.

22

Yer hansiradi.

Gʻoʻzalarim bargi och-och yashil tuslana berdi.

Gʻoʻzalarim bargi qoʻngʻir-qoʻngʻir dogʻ boʻla berdi.

Gʻoʻzalarim bargi burishib-burishib qola berdi.

Gʻoʻzalarim ochqadi!

Men roʻzalarimga bosib-bosib azot berdim.

Men gʻoʻzalarimga bosib-bosib fosfor berdim.

Men gʻoʻzalarimga boeib-bosib kaliy berdim.

23

Kun gʻoʻzalarim uchida ilashib-ilashib qoldi.

Men omborxonadan bir orqa dorixalta orqalab keldim.

Dorixaltalarni varr-parr yirtdim. Boʻlak-boʻlak etdim. Kaftday-kaftday etdim.

Oʻqariq bilan egat quloqqa doriqogʻoz qoʻydim. Sharsharasimon-sharsharasimon etib qoʻydim. Quloqqa bosib-bosib qoʻydim.

Bosh-adoq oʻqariqni ana shu maqomda doriqogʻozladim.

Mirobdan suv haydab keldim.

Suv oʻqariqlab-oʻqariqlab oqdi.

Malla chumchuq suv pishinib-suv pishinib oʻynadi. Qulrang chumchuq qanot tarab-qanot tarab oʻynadi.

Kun soʻlidi-soʻlidi—oq bilan qorani farqlab boʻlmayin qoldi.

Men bir qoʻyin doriqogʻoz olib oldim.

Fonus yoqib oʻqariq yoqaladim.

Oʻqariq ohista-ohista toʻldi.

Suv doriqogʻoz sharsharalab keldi. Suv doriqogʻoz sharsharadan toshdi. Suv shirr-shirr egat tushdi.

Men oʻqariq yoqalab qadamladim. Doriqogʻozlarga fonus tutib-fonus tutib qadamladam.

Doriqogʻoz tushib ketmish quloqlar boʻldi.

Men egatda tushib yotmish doriqogʻozni olib quloqqa qoʻydim. Quloq tevaragini loylab-loylab shibbaladim.

Doriqogʻoz oqib ketmish quloqlar-da boʻldi.

Men bundayin quloqlarga qoʻynimdan boshqa doriqogʻoz olib qoʻydim.

Doriqogʻoz qiyshayib-qiyshayib qolmish quloqlar boʻldi.

Men ana shu doriqogʻozlarni sozlab-sozlab qadamladim.

Chilla tunlar oppoq yuzli-oppoq yuzli boʻldi.

Chilla yulduzlar bolaladi.

Chipirtkalar chirr-chirr etdi.

Fonusimni turli-tuman hasharotlar oʻrab-oʻrab aylandi. Fonusimni hasharotlar gir-gir aylandi. Fonusimni hasharotlar chirt-chirt chertib aylandi.

Hasharotlar birin-ketin oʻlib-oʻlib aylandi!

Oʻqariqda suv urib ketmish joylar boʻldi.

Men suv urib ketmish joylarni qoʻlim bilan bitab-bitab qadamladim.

Oʻqariq bir joyini yomon-yomon suv urdi. Suv egatlar osha shildir-shildir toshdi. Suv egatlar osha varaq-varaq toshdi.

Men bilaklarimni turdim. Suv urib ketmish yoriqqa qoʻl tiqdim. Yoriqqa kesak tiqdim. Yoriqni nuqilab-nuqilab mushtladim.

Suv hamon buloq boʻlib tosha berdi.

Men oʻqariq ostidan loy olib tiqayin, deya qoʻl uzatdim. Bir changal loy tortib ola-ola — koʻksim bilan suvga tushib ketdim.

Men shilta boʻlmish ust-boshimni tashladim. Ishtonchan boʻldim. Yalang oyoq boʻldim.

Men ishtonchan boʻlib suv bitadim. Men yalangoyoq boʻlib suv bitadim.

Bir koʻnglim ishtonchan boʻlib suv taray berayin, dedim. Yana-tagʻin, pashshadan qoʻrqdim.

Shiltadan-shilta ust-boshimni siqib-siqib kiyib oldim.

Men oʻqariq bosh-adoqlab borib kela berdim.

Gʻoʻzalarim jildir-jildir suv ichdi.

Gʻoʻzalarim miriqib-miriqib suv icha berdi. Gʻoʻzalarim tiniqib-tiniqib suv icha berdi. Gʻoʻzalarim qonib-qonib suv icha berdi.

Chilla suv — tilla suv boʻldi!

Tun qaytdi. Oy ogʻdi.

Oyoq-qoʻlim boʻshashib-boʻshashib qoldi. Koʻzlarim ketib-ketib qoldi.

Oʻqariq boshida oyoq ildim. Fonusimni qabatimlatib qoʻydim.

Oʻqariq boʻyida maydaroq kalladay bir kesak boʻldi.

Men ana shu kesakka yonboshladim. Yonboshdan chalqancha yotdim.

Kesak boshimga botib-botib yotdim.

Osmon koʻrib-osmon koʻrib yotdim.

Chilla yulduzlar soʻlgʻin-soʻlgʻin boʻldi.

Koʻzim ilindi.

24

Momiq-momiq oqliqdan koʻzlarimni ochdim.

Tong toʻrkadi.

Dunyo tagi oqarib-oqarib kela berdi.


25

Gʻoʻzalarim shonaga oʻtirdi.

Gʻoʻzalarim bitta-bittadan shonaladi. Azonshomda bir shona tugdi.

Namozshomda bir shona tugdi.

Shunda, oqtuproq dalam suvsadi.

Oqtuproq gʻoʻzalarim salqinda tirildi, oftobda soʻlidi.

Ich-ichimdan qirindi oʻtdi. Dardim ichimda boʻldi. Tishim tishimda boʻldi. Shona vaqti dala suvsasa yomon — haminqadar yomon!

Suv taralsa — gʻoʻza gurillab-gurillab oʻsadi. Gʻoʻza gʻovlab-gʻovlab oʻsadi.

Suv tarab boʻlmaydi — shonaga oʻtirmish gʻoʻza shonalamay qoʻyadi. Gʻoʻza shonadan qoladi.

Men endi suv tarash tugul dala oralamadim.

Gʻoʻzaga oʻngir tegsa boʻldi — endi tag olmish shona lip etib uchib tushadi. Gʻoʻza bir silkinsa boʻldi — endi uch bermish shona jalb etib uchib tushadi.

Bir tup gʻoʻzadan ikkita shona toʻkilsa — bir gektar daladan ikki yuz kilo hosil kamayadi!

26

Men dalalarimni aylanib-aylanib qaradim. Men shonalarini koʻzim bilan sanab-sanab qaradim.

Gʻoʻzalarim yetti-sakkiztadan shona tugdi.

Ana shunda dalalarimga bir suv jildirib-bir suv jildirib oldim.

Shona vaqti botin suvlab boʻlmaydi — shonaga ziyon beradi.

27

Gʻoʻzalarim shigʻil-shigʻil shonaladi.

Ana shunda gʻoʻzalarim azotga yerik boʻldi! Gʻoʻzalarim azotxoʻr boʻldi!

Men bir gektar gʻoʻzamga yigirma besh kilodan azot berdim.

Gʻoʻzalarim tagʻin-da yuz ochdi. Gʻoʻzalarim tagʻin-da rang oldi.

28

Gʻoʻzalarim oʻttiz-qirqtadan shonaladi. Men tagʻin bir suv jildirib oldim.

29

Gʻoʻzalarim sakson-toʻqsontadan shonaladi...

Qani edi — shu shonalar gul boʻlib koʻsak tugsa edi! Qani edi — shu koʻsaklar paxta boʻlib ochilsa edi!

Afsus, gʻoʻza bilonihoya shonani quchay olmaydi, afsus!

Shonalar oʻz-oʻzidan qurib-qovjiradi. Shonalar oʻz-oʻzidan toʻkilib-chochildi.

Bir tup gʻoʻzada oʻttiz-qirqtadan shona qoldi.

30

Men endi gʻoʻzalarimni suvdan omonladim — koʻp suv shona toʻkadi.

Men endi gʻoʻzalarim umrini chilladan tiladim — oʻtkir jazirama shona toʻkadi.

31-32

Gʻoʻzalarim gunogun-gunogun gulladi.

Gʻoʻzalarim ost-ostidan gulga kirdi.

Ilk hosilshox ayrilish boʻgʻinidan ilk gulini ochdi.

Men gʻoʻzalarimga bir suv ichirib oldim.

Ikkinchi qavat hosilshox ayrilish boʻgʻinidan gulladi.

Men gʻoʻzalarimga ikki suv ichirib oldim.

Uchinchi qavat hosilshox gul berdi.

Men uchinchi bor suv ichirdim.

Gʻoʻzalarim gullay berdi-gullay berdi — men suv ichnrib gul salom eta berdim-suv ichirib gul salom eta berdim!

33

Gʻoʻzalarim qirmiz-qirmiz gulladi.

Qirmiz-qirmiz gullarimga kapalak doridi.

Kapalak qoramtir-sariq boʻldi. Uzun-uzun qanot boʻldi. Qanotlari uchida yoyma toʻq tasma boʻldi. Qanotlari oʻrtasida ikkita qoʻngʻir dogʻ boʻldi. Bir dogʻ buyraksimon boʻldi, bir dogʻ oysimon boʻldi.

Kapalak kunduz kunda bir joyda biqinib yotdi.

Kapalak qora tunda boʻydor-boʻydor gʻoʻzalar aro uchdi. Gullarga moyak qoʻyib-qoʻyib uchdi.

Kapalak moyagi gumbazsimon boʻldi. Yigirma olti-yigirma sakkiz qobirgʻali boʻldi. Sargʻish-oq rangli boʻldi.

Moyak uch-toʻrt kunda ochdi. Ichidan chorak enlik qurt yorib chiqdi. Qurt qoramtir-yashil boʻldi. Qurt ustlari hamda yonlarida qoʻngʻir-qoʻngʻir yoʻllari boʻldi. Yoʻllar toʻlqinsimon-toʻlqinsimon boʻldi. Yoʻllarda siyrak tuklar boʻldi, toʻqrang xollar boʻldi.

Koʻsakqurt ana shu boʻldi!

Koʻsakqurt oldin ust kurtaklarni kemirdi. Ust gullarni kemirdi.

Koʻsakqurt toʻlishdi-toʻlishdi — gʻoʻza ost shoxlariga enib tushdi. Hosildor gullar ichiga kirib oldi.

Koʻsakqurt gul ich-ichidan qurigunichayin gul yedi.

Koʻsakqurt gul chirib-chirib toʻkilgunchayin gul yedi.

Koʻsakqurt tishlari oʻtmaslanib qolgunchayin gul yedi.

Indamayin— kapalak qirq kun umr suradi. Qirq kunda uch-toʻrt minggachayin moyak qoʻyadi.

Indamayin — koʻsakqurt yigirma dona hosilgul yeydi.

Yigirma dona hosilgul demak — oʻn ikki-oʻn besh foiz paxtam koʻsakqurtda ketdi, demakdir.

34-35

Men bir gektar gʻoʻzamni oʻn besh kilo kalsiy arsenat bilan changladim.

Besh kundan keyin efirsulfonatli xlorofos bilan purkadim.

Gʻoʻzalarim sariq-sariq gulladi.

Gulyon barglarda moyaksimon-moyaksimon oʻrgimchakkana inladi. Gulyon barglarda boʻgʻinoyoq-boʻgʻinoyoq oʻrgimchakkana makonladi.

Oʻrgimchakkana barglar ketini ingichka-ingichka oʻrgimchakip bilan oʻrab-oʻrab oldi. Oʻrgimchakkana barglar ketini kulrang-kulrang oʻrgimchakip bilan qoplab-qoplab oldi.

Oʻrgimchakkana gulyon barg yaladi! Barg yalab-barg yalab keta berdi!

Oqibat—barglar ilma-teshik boʻldi. Barglar usti xol-xol qizil boʻldi. Bora-bora qora-qora tus oldi. Oxiri qovjirab-qovjirab toʻkildi.

Men barini koʻrib-bilib turdim. Ammo ne ilojim boʻldi?

Oʻrgimchakkana bino boʻlgunichayin dala dorilab boʻlmaydi. Oʻrgimchakkana bino boʻlgach-da dala dorilab boʻlmaydi.

Oʻrgimchakkana jami barg besh foizini yeganidan keyin dala dorilanadi. Ana shunda dori samarali boʻladi.

Oʻrgimchakkana bilan bir vaqtda... qandala bino boʻldi. Qoʻngʻiz bino boʻldi. Oltinkoʻz bino boʻldi.

Qandala... oʻrgimchakkana terib yedi. Qoʻngʻiz... oʻrgimchakkana bosib yedi. Oltinkoʻz... oʻrgimchakkana bilan tirikchilik etdi.

Men oʻrgimchakkana qachon besh foiz barg yeb boʻladi, deya kunim oʻtdi — qandala bilan oltinkoʻz oʻrgimchakkana terib yeb kuni oʻtdi.

Bu dunyo teskari dunyo, demishlari chin boʻldi.

36

Nihoyat — dalalarimga efirsulfonatli xlorofos sepdim.

37

Gʻoʻzalarim oq-oq gulladi. Oq gul yomon, oq gul yomon! Tanasida suv kamchil gʻoʻza oq gullaydi. Tagida oʻgʻit taxchil gʻoʻza oq gullaydi. Dardchil-dardchil gʻoʻza oq gullaydi. Oq gul koʻsak tugmaydi. Tugsa-da — mayda-mayda koʻsak tugadi.

38

Bechirindi goʻng—besamar goʻng. Bechirindi goʻng — beoqibat goʻng.

Bechirindi goʻng begona oʻt uyi boʻladi. Bechirindi goʻng turli-tuman dard ini boʻladi.

Men fermadan bermish bechirindi goʻngni olmadim.

Koʻcha-koʻydan boʻlsa-da, chirindi goʻng topib keldim.

Pilla qoʻyuvchilar uyidan ipakgʻumbak olib keldim.

Tovuq fermadan parrandatezak olib keldim.

Barini oʻqariq boshi hovuz soldim. Ustidan suv toʻldirdim.

Hovuzni kuraklab-kuraklab kovladim. Azonda bir kovladim. Tushda bir kovladim. Shomda bir kovladim.

Ikki kun ana shunday hovuz kovladim.

Uchinchi kun hovuz boshidan bir ariq oldim, hovuz adogʻidan bir ariq oldim.

Hovuzboshi ariqdan suv haydab keldim.

Hovuz suv bilan labolab-labolab toʻldi.

Suv hovuzda sharbat boʻlib adoq ariqladi.

Suv ariqda sharbat boʻlib oʻqariqladi.

Suv oʻqariqda sharbat boʻlib dalaladi.

Dalalarimda shira-sharbat suv oqdi.

Shira-sharbat suv gʻoʻzalarimni gul tashlashdan omon-omonladi.

Sharbat suv — shakar suv boʻldi!

39

Koʻsaklarim boʻzboladay-boʻzboladay toʻlisha berdi.

Men bot-bot suv qoʻya berdim.

Suv kanda boʻlsa — koʻsak oʻz kunidan oldin ochiladi.

Suv arisa — hosil tosh begʻoz boʻladi. Hosil befazilat boʻladi.

Chala bino boʻlmish chaqaloq qanday boʻladi? Koʻsak-da shunday-da!

40

Gʻoʻzalarimga koʻsakqurt tushdi.

Koʻsakqurt sodda-mugʻambir boʻladi!

Koʻsakqurt kunduz kun nam tuproq orasini makon etadi. Gʻoʻzatana ostini makon etadi. Shonabarg orasini makon etadi.

Koʻsakqurt kushandasi chumchuq boʻladi!

Chumchuq tunda uchmaydi. Chumchuq tunda tolshoxda uxlaydi.

Chumchuq kunduzda uchadi. Chumchuq kunduzda koʻsak-qurt terib yeydi.

Koʻsakqurt ana shuni biladi!

Shu bois, koʻsakqurt makonidan tunda tashqarilaydi.

Koʻsakqurt boldan-bol taom boʻlsa-da, qayrilib boqmaydi. Faqat koʻsak izlab oʻrmalaydi. Faqat koʻsak topib oʻrmalaydi.

Koʻsakqurt koʻsak teshadi. Koʻsakqurt koʻsak gʻovak etadi.

Koʻsakqurt ana shu gʻovakdan ichkari kirib oladi. Ichkarida suv-suv chigit kemiradi. Ichkarida muloyim-muloyim chigit kemiradi.

Bir koʻsakqurt yigirmata koʻsak nobudlaydi. Yigirmata koʻsak oʻn ikki-oʻn besh foiz hosil, demakdir.

Mugʻambirdan-mugʻambir koʻsakqurt unday-bunday doridan oʻlmaydi.

Shu bois, dalalarimga metilmerkaptofos dori berdim.

Men bilgich dorilar orasida sassiqdan-sassigʻi ana shu metilmerkaptofos boʻldi!

Dalalarimni qoʻlansa-qoʻlansa is oldi.

Men ikki kun tuz totayin dedim — totolmadim.

Tomogʻimdan tuz tugul, suv oʻtmadi.

Qaytanga — ichimda bori-da tomogʻimga qaytib-qaytib kela berdi.

41

Chilla kuydi!

Olam tandir taft-tandir taft boʻldi. Sonsiz ajinlarim-da dosh berolmadi. Saraton telpagim-da dosh berolmadi. Men lablarim yorilib-lablarim yorilib dalaladim.

Men burnim qonab-burnim qonab dalaladim. Men kallam qaynab-kallam qaynab dalaladim.


42

Gʻoʻzalarim boʻy-boʻy oʻsdi.

Gʻoʻza boʻylab oʻssa gʻoʻza boʻlmaydi — daroz-daroz boʻlib qoladi. Gʻovlab-gʻovlab qoladi.

Gʻoʻza yonlab-yonlab oʻssa gʻoʻza boʻladi. Gʻoʻza enlab-enlab oʻssa gʻoʻza boʻladi.

Shu bois, gʻoʻzalarimni chilpir boʻldim.

Boʻynimga etak osib oldim. Dala boshidan oraladim.

Daroz-daroz gʻoʻzalarim uchini barmoqlarim bilan chirt-chirt chimdib oldim. Peshma-pesh etak soldim.

Risolada oʻsmish gʻoʻzalarim uchini chilpimadim.

Insof bilan oʻsmish gʻoʻzalarim uchini-da chimdimadim. Mayli, unib-oʻssin, dedim.

Enlab-enlab oʻsmish gʻoʻzalarimni bilaklarim bilan qoʻzgʻab-qoʻzgʻab qoʻydim. Kaftlarim bilan silab-silab qoʻydim.

Etagim gʻoʻzauch bilan toʻldi.

Gʻoʻzauchlar bodroq-bodroq boʻldi. Gʻoʻzauchlar taom koʻkat-taom koʻkatday boʻldi.

Gʻoʻzauchlar azzancha bodroq boʻlsin — gʻoʻzauchlarni egatga tashlab boʻlmaydi. Hasharotlar ana shu gʻoʻzauchlarda bolalaydi!

Masalan, koʻsakqurt ana shu gʻoʻzauchlarda moyak qoʻyadi. Moyak gʻoʻzauchda bola ochadi. Qurt boʻlib oʻrmalaydi.

Gʻoʻzauchlar muloyim boʻladi-da, gʻoʻzauchlar oftobiyor boʻladi-da!

Gʻoʻzauchlar azzancha koʻkatsimon boʻlsin — gʻoʻzauchlarni mol-holga-da berib boʻlmaydi.

Gʻoʻzauchlar dorixalta boʻladi! Gʻoʻzaga sepilmish jami dori ana shu gʻoʻzauchlarda jamlanmish boʻladi!

Men bari gʻoʻzauchlarni Jarariqqa olib borib koʻmdim. Tepkilab-tepkilab koʻmdim.

43

Bir haftadan soʻgʻin tagʻin bir bor chilpidim. Gʻoʻzalarim boʻydan qoldi. Gʻoʻzalarim endi koʻsakka zoʻr berdi.

44

Oʻn koʻsakli gʻoʻzam gektaridan yigirma sentnerdan hosil beradi!

Yigirma koʻsakli gʻoʻzam gektaridan qirq sentnerdan hosil beradi!

Yigirma besh-oʻttiz koʻsakli gʻoʻzam gektaridan qirq besh-ellik sentnerdan hosil beradi!


Avvalgi
I- qism