OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

2 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTogʻay Murod
Asar nomiOydinda yurgan odamlar (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Togʻay Murod
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm225KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/12/12
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Oydinda yurgan odamlar (qissa)
Togʻay Murod

I

— Quloq sol, momosi, quloq sol. Qayerdandir odam ovozi kelyapti...

Sayrak adirda yonboshlab yotmish bobomiz, momomizga shunday dedilar.

Bobomiz ogʻizlarini angraygannamo ochdilar. Oʻng quloqlarini yellar yelmish tarafga tutdilar.

Yellar, ovozlarni yorqin olib kelmadilar.

Bobomiz oʻng kaftlarini quloqlari sirtiga tutdilar. Yelpana qildilar. Nafas olmadilar. Bor vujudlarini berib quloq soldilar.

Bobomiz shunda-da bir nimani eshitmadilar. Chuqur tin oldilar.

Bobomiz oydinga tikildilar.
— Manovi yoqdan shekilli... — dedilar. — Oʻzi, vaqting xushmi, momosi? Eson-omon yuribsanmi? Toʻrt muchaling butmi?..

1

Sovchilar qadami qizlik eshikka sharaf!

Sovchilar oqshom vaqti keldi.

Uy bekasi dasturxon yoydi. Xoʻjasi mezbonlik qildi.
— Xush koʻrdik, xush koʻrdik, — dedi.
— Xushvaqt boʻl, qassob, xushvaqt boʻl, — dedi sovchilar. — Qani, ilohi omin, shu uyda katta-katta toʻylar boʻlsin, olloh-akbar!
— Olloh-akbar! Aytganingiz kelsin!

Palovdan keyin tarvuz soʻyildi.

Sovchilar odatlari boʻyicha u yoq-bu yoqdan gapirishib oʻtirdi.

Eson qassobni haminqadar eladi. Keyin, maqsadga oʻtdi.
— Singlingning boshiga baxt qushi qoʻnib turibdi, qassob, uchirib yubormasang boʻldi, — dedi.
— Aslini bilmay, soʻz demaslar, naslini bilmay, qiz bermaslar, — dedi qassob. — Kim ekan, u?

2

Qishloqda bir boʻzbola boʻladi.

Boʻzbola yelkador, pishiq qomatlik boʻladi. Kulcha yuzlarida chuqur-chuqur kuldirgichlari boʻladi. Qoʻy koʻzlik, siyrak qoshlik boʻladi.

Boʻzbola qomatini gʻoz tutadi. Joyida tik turadi. Qoʻllarini koʻkragiga qovushtiradi yo beliga tiraydi. Bir nuqtaga tikiladi. Qayerga tikiladi, nimaga tikiladi? Bilmaymiz, biz bilmaymiz.
Inchunin, oʻzi-da bilmaydi.
Boʻzbolani ilk bor koʻramiz.
Shunda, bu bola yo qattiq qaygʻuda, yo bir nimani oʻylab oʻyiga yetolmayapti, deymiz.

Yurish-turishidan... kekkayadi, oʻzidan oʻzgani oyogʻi bilan koʻrsatadi, deymiz. Shox-u butogʻing bormi, muncha kerilasan, deymiz.

U mizoji xush koʻrmish odamlar bilan salom-alik qiladi. Bordi-keldi qiladi. Chin dildan gapi¬rishadi. Ochilib gurunglashadi.

Koʻngliga oʻtirmaydiganlar bilan salomlashgisida kelmaydi!

Oqibat, boʻzbola bizni nazarga ilmaydi, deymiz.

Oqibat, boʻzbolani birovimiz xush koʻramiz, birovimiz noxush koʻramiz.

U oʻzini biz uchun dil-dildan oshno biladi.

Bizga sodiq mehr qoʻyadi. Biz bilan hamisha xayrixoh, hamdard boʻladi. Bir qorindan talashib chiqqanlardayin boʻlsam, deydi.

Aqalli, bir, bir yomonligimizni koʻrsa boʻldi!

Bizdan qoʻlini yuvib qoʻltiqqa uradi. Biz bilan salom-alik qilmaslik payida boʻladi.

Bizdan qaytganini bizga-da, birovga-da ayt¬maydi.

Qoboq-tumshuq qiladi. Ichimdan top deb yuradi.

U odamovi!

U olislardan koʻz uzmaydi, kipriklarini-da pirpiratmaydi.

Biz u tikilmish tarafga qaraymiz. Zangori ufq. Shu! Aqalli bulutlar-da yoʻq.

U bizni hayron qoldirib-qoldirib yashaydi!

Bir nimani soʻrasak, ha yo yoʻq deb qoʻya qo¬ladi.

Qoʻliga suv beramiz. Suvni goʻyo birinchi koʻrayotganday tikiladi. Oʻzicha bosh irgʻab qoʻya qoladi.

Biz ogʻrinamiz. Minnatdorchilikni tilab olamiz.

«Sen ham odamga oʻxshab biror nima de».

«Nima deyin?»

«Hech boʻlmasa, baraka toping, de».

Shunda u tizzalarini quchoqlaydi. Olis-olislar¬ga— Bobotogʻ choʻqqilariga oʻychan-oʻychan termiladi. Bobotoqqa termulib-termulib aytadi:

«Chin gaplar koʻngilda boʻladi. Tilga chiqsa, yolgʻon boʻladi-qoladi».

U yolgʻiz bir ashulachini ashulachi deb biladi. Bu ashulachini Yunus Rajabiy, deydi.

U Yunus Rajabiy ashula aytganda soʻzlashuvchi yo yoʻtaluvchi odamni koʻrishga koʻzi boʻlmaydi.

U Yunus Rajabiy ashula aytganda iljayuvchi odamni otishga oʻqi boʻlmaydi.

U Yunus Rajabiy ashulalarini bosh egib eshitadi, muztar boʻlib eshitadi.

U... qoʻshiq aytadi!

Adirga oʻtga boradi. Oʻt oʻrib-oʻrib, tevarakka alanglaydi. Yolgʻiz oʻzi boʻladi.

Keyin, oʻtni bolish qiladi. Qoʻllarini boshi ostiga chalishtiradi. Olis-olislarga — paxta xirmoni misol oppoq bulutlar, havolanmish chumchuqlar galasiga termulib-termulib... dimogʻida qoʻshiq aytadi.

Bora-bora lablari-da qimirlaydi...

Sovchi ana shu boʻzboladan boʻladi!

3

Eson qassob gapni choʻrt kesdi:
— Qoplonmi? Boʻlmaydi!
— Qassob, ogʻir boʻl, somonday ogʻir boʻl.
— Ogʻir boʻlsam-boʻlmasam! Uningiz na salomni biladi, na alikni biladi!
— Qassob, koʻngling bilan eshit — quloq aldaydi, aqling bilan koʻr — koʻz aldaydi.
— Uningiz odamga oʻxshamaydi!

Shunda sovchilar oʻz san’atlarini qoʻlladi. Biri qoʻyib biri, qassob otasi borasida hamd-u sanolar aytdi:
— Rahmatlik otasi koʻp yaxshi odam edi-da...
— Koʻp mard edi...
— Koʻp tanti edi...
— Esonboy otasiga tortmabdi...
— Noshukur boʻlmang. Esonboy otasiga quyib qoʻyganday tortadi...
— Qani, qaniqayin?..
— Ana, anakayin. Musulmonchilik asta-asta-da...

Sovchilar gap oxirini ana shunday otadan qolmish ana shunday oʻgʻilga olib kelib uladi.

Eson qassob oxir-oqibat yon berdi.
— Men bir nima deyolmayman, — dedi. — Ogʻayni-jamoa bor, qiz boqqan yangasi bor. Yana bir kelinglar, maslahatlashib olaylik.

4

Kenja zurriyot boʻlmish qiz besh yasharligida ota-onadan sagʻir qoldi.

Akasi qoʻlida qoldi.

Yanga boʻlmish qoboq-tushmugʻiga qarab kun koʻrdi.

Yanga boʻlmish qoboq uydi...

Shunda... shunda, sagʻir nafas olmadi! Sagʻir koʻzlari pit-pir etdi. Sagʻir koʻzlari olma terdi.

Sagʻir hadahalab bordi. Jiyani beshigini qoʻsh- qoʻllab ushladi. Sagʻir jon-jahdi bilan beshik tebratdi.

«Beshik tebratsam, yangam qobogʻi ochiladi, keyin, meni urishmaydi...»

Sagʻir ana shunday umidga bordi!

Sagʻir qorni ochdi. Sagʻir barmogʻini soʻrdi. Ammo miq etmadi.

Yanga dasturxon yoydi. Sagʻirni dasturxonga imladi.

Sagʻir dasturxon oldiga siljib keldi. Sagʻir barmogʻini soʻrib, yangaga moʻltiradi. Sagʻir barmogʻini soʻrib, dasturxonga moʻltiradi.

Keyin, ogʻzidagi barmogʻini dasturxonga uzatdi. Barmogʻini avval dasturxon burchiga tegizdi. Undan dasturxon oʻrtasi sari ohista-ohista oʻrmalatib bordi. Keyin, non chetiga tegizib turdi.

Sagʻir bir tishlamgina non sindirib oldi.

Sagʻir, yangaga qarab-qarab non tishladi, moʻltirab-moʻltirab non chaynadi.

Sagʻir, yangamga yaxshi koʻrinayin deya, oʻziday-oʻziday satillarda suv tashidi.

Chin, akasi-da, yangasi-da sagʻirni oʻz bolasidan kam koʻrmadi. Shunday boʻlsa-da, sagʻir ushbu xonadonda jiyanlari bilan oʻz orasida katta tafovut borligini ich-ichidan his etib-etib kun koʻrdi.

Sagʻir munis-da boʻldi, gʻamgin-da boʻldi.

Sagʻir sertamiz boʻldi.

Hayotda boʻlmish ilkis qiliqlar, iring gaplarni darhol ilgʻab oldi. Eng yomoni koʻngliga oldi!

Sagʻir ziyrak boʻldi.

Zarra boshidan hayotga kattalar koʻzi bilan qaradi.

Sagʻir ta’sirchan qiz boʻldi.

Bari sagʻirlik ishi boʻldi!

Sagʻir bir qiz boʻldi, bir qiz boʻldi-ye!

Sarvqad boʻldi!

Suluv yuzlarini oppoq desak, bizning haqimiz ketadi. Qorachadan kelgan desak, qizning haqi ketadi.

Bugʻdoyrang boʻldi!

Barchin yuzli boʻldi, saraton yulduzli boʻldi, parishon zulfli boʻldi.

Oʻrim-oʻrim sochlari birovga, kimgadir birovga talpindi.

Boʻlmasa, shunchalar taqim urib-taqim urib toʻlgʻonarmidi?

Qop-qora xoli ingichka lablari burchida boʻlsa boʻlmasmidi? Iyagidagi chuqurchasi ichida boʻlsa boʻlmasmidi?

Kelib-kelib, oʻng yonogʻi qoq uchida-da boʻla¬dimi!

5

Akasi xoʻp binoyi gap aytdi.

Bunday qiz taqdirini ogʻayni-jamoa jamligida hal etmoq ma’qul boʻladi.

6

Sovchilar tagʻin keldi.

Oradan ikki kun oʻtdi.

Ogʻayni-jamoalar birovi u dedi, birovi bu dedi.

Birovi arazlab ketdi.

Bari oʻz gapini ma’qullatish payida boʻldi.

Aka boʻlmish bariga birday boʻlib oʻtira berdi.

Boʻlar gap qizda qoldi.

Yanga boʻlmish oshxonaga yoʻl oldi.

7

Kenja jiyaniga qatiq yalatib oʻtirmish Oymomo yangasidan orlandi. Oʻziga qaragan boʻldi: yelkasiga sirgʻanib tushmish iroqi roʻmolini yopindi. Yuqoriga yigʻilib qolmish koʻylagi barini tortdi, tizzalarini yopdi.

Jiyani qulochini ochdi, onasiga talpindi.

Onasi kenjasini bagʻriga oldi.

Qaynsinglisiga tikildi-tikildi, miyigʻida kuldi-kuldi.

Keyin, qaynsinglisi koʻngliga qoʻl soldi:
— Sen nima deysan?
— Nimani nima deyman?
— Talmovsirama, biror nima de. Sovchi kepti.
— Kimga?
— Menga boʻlarmidi, senga-da.
— Eb-ey, men sizga nima qildim? Boring-e!

Oymomo ters boʻldi. Bilq-bilq qaynamish qozonga yuz berdi.

Kosov bilan oʻchoq kovladi.

Olov hur-hur yondi.

Kenja, onasi yoqasini tataladi.
— Ena, mamma! Mamma ber! — dedi.

Onasi oʻgʻliga emchak berdi.
— Uyalsang-uyalmasang, bu barimizning boshimizda bor savdo, — dedi yanga boʻlmish.— Biz ham sendayin uyalib edik. Mana oqibati, jiya¬ning shoʻrpillatib-shoʻrpillatib emib oʻtiribdi...
— Erga tegaman deb oʻlib oʻtirganim yoʻq...

Yanga boʻlmish ketiga chalqayib-chal- qayib kul¬di. Koʻkragi kenjasi ogʻzidan chiqib ketdi.
— Men seni oʻlib oʻtiribdi, deb oʻylabman, — dedi. — Menga qara, bugun, bugun boʻlmasa ertaga baribir kelin boʻlasan...

Kenja, mimit qoʻllarini choʻza berdi-choʻza berdi. Onasi koʻkragini tagʻin ogʻziga soldi.
— Joyi chiqib turibdi, xoʻp deya ber. Qoplon ikki yelkasiga uy tiksa boʻladigan yigit.
— Men undaychikin odamni bilmayman...
— Endi bilasan-da. Aytganimdan qolma. Chiroying borida chinoringni top!

Oymomo choʻqqa tikilmish koʻyi oʻtira berdi.

Choʻgʻ Oymomo yuzlaridan, Oymomo yuzlari choʻgʻdan qolishmadi.

Yanga boʻlmish kenjasini Oymomoga berdi.
— Boʻldi, sukut alomati rizo, — dedi.

8

Yanga boʻlmish ogʻayni-jamoa qoshiga bordi. Oymomo sukutini aytdi.

Sovchilar dasturxonga oʻralmish nonni oʻrtaga qoʻydi.

Qalin aytish boshlandi.
— Xoʻ-oʻsh...
— Elga qarab ayting-da.
— Xoʻ-oʻp...
— Boʻldi-e, hech kim qiz uzatib boyigan emas.
— Oʻnta qoʻy... shularga rozimisizlar?
— Qani, ilohi omin, ikki yosh qoʻsha qarisin, olloh-akbar!

Yangasi qiz onasi oʻrnida fotiha oʻqidi.

Non sindirildi.

Sovchilar ohorli belqars oʻrab ketdi.

9

Kuyov tarafdan fotiha toʻy keldi.

Fotiha toʻyida qoʻy, zigʻir moy, guruch, mayiz... boʻldi.

Kelin-kuyovlik davri boshlandi.

Kuyov, kelin qarindosh-urugʻlari oldidan yerga qarab oʻtdi. Koʻzlariga tik qaramadi. Davralarda yuzma-yuz oʻtirmadi.

10

Oy oʻtdi.

Kelinnikiga koʻrpa-toʻshak matolari bilan paxta keldi...

Bu, toʻqqiz deb ataladi.

11

Bir oqshom kuyovtoʻra kelin akasi bir yoqqa safarlab ketdi, deya eshitdi.

Oshnalari bilan qayliqlab bordi.

Oshnalar ohista-ohista deraza chertdi.

Derazadan yanga boʻlmish qaradi.
— Kuyov qayligʻi bilan koʻrishsam deydi... — dedi oshnalari.

Yanga boʻlmish yoʻl bermadi.
— Koʻrishgisi kelsa toʻy qilsin, — dedi.

12

Toʻy bozor oqshomi boʻldi.

Toʻyga ayta-ayt boʻldi.

Qizlar kelin tarafga aytdi, boʻzbolalar kuyov tarafga aytdi.

Qizlar kelinnikiga bordi, boʻzbolalar kuyovnikiga bordi.

Kuyovnikida necha-necha qoʻylar boshi ketdi.

Necha-kecha koʻzalar boʻshab qoldi.

Sozlar, xonish havoda havolanib-havolanib turdi.

Toʻyxona toʻla toʻylovchi boʻldi.

Koʻchada bolalar shovqin soldi:
— Toboq keldi, kelinnikidan toboq keldi!

Darvozadan yelkalari, boshlarida dasturxon koʻtarmish ayollar paydo boʻldi. Ayollar kelinnikidan oʻnta toboq olib keldi.

Toboqlar birida palov, birida qovurma goʻsht, birida qaynatilgan tuxum, yana birida shirguruch... boʻldi.

Toboqlar davralarga qoʻyildi.

Toʻylovchilar koʻngillari tortmish taomdan yedi.

Boʻsh toboqlar yigʻib olindi.

Joʻraboshi davraga katta roʻmol yoyib aytdi:
— Kuyovtoʻra kelib qarab tursin, kim qanday sovgʻa tashlaydi!

Toʻylovchilar atagan sovgʻa-salomlarini roʻmol¬ga tashladi. Birov bir kiyimlik atlas tashladi, birov shoyi tashladi.

Roʻmol deyarli toʻldi.

Duo ezgu boʻldi:
— Toʻyniki toʻyda qaytsin, olloh-u akbar!

13

Kuyov joʻralar kelinnikiga yoʻl oldi.

Oʻzlariga ajratilmish uyga qoʻndi.

14

Kelin hovli oʻng yuzidagi uyda boʻldi.

Qizaloqlar derazama-deraza moʻraladi, kelinni tomosha qildi.

Ichkarida qizlar gʻuj boʻldi. Biri havas bilan, biri achinish bilan kelinga boqdi.

Kelin ixtiyori qizlarda boʻldi.

Bir qiz barmoqlarini tupuklab-tupuklab hoʻlladi. Qiz kelin zulflarini bot-bot buradi. Zulflar gajakdan-gajak boʻldi.

Bir qiz toʻntariqlik piyola ketiga oʻsma ezdi. Qiz kelin qoshlariga oʻsma qoʻydi.

Kelin nigohlari kigiz gulida boʻldi.

15

Shu vaqt besh-olti odam kelinli uy dahliziga keldi.

Ichki eshik qiya ochib qoʻyildi.

Xayrulla domla kelindan vakil soʻradi:
— Sizkim Oymomo Abdiboy qizi, oʻzingizni Qoplonboy Qurbonboy oʻgʻliga bagʻishlamoq vakolatini akangiz Esonqul oʻgʻliga topshirdingizmi?

Sukunat.

Kelin miq etmadi.
— Aytma, aytma, — shivirladi qizlar.

Eshik ketida turmush kuyov joʻralar qizlarga pul uzatdi.

Qizlar pulni boʻlib-boʻlib oldi.

Kelin hamon jim boʻldi.

Kuyov joʻralar tagʻin pul uzatdi.
— Boʻldimi? Endi aytsin! — dedilar.
— Ay, Xolbuvi, sen hadeb shivirlay berma!
— Shivirlayman! Nima, darrov ha, deya beradimi?
— Ha, deyish osonmi!
— Yegani non emas!

Xayrulla domla qayta vakil soʻradi.

Tagʻin javob boʻlmadi.

Kuyov joʻralar biri qoʻyib-biri aytdi
— Oymomo, tong otguncha oʻtira beramizmi?
— Oymomo, dugonalaringning gapiga kirma, ular senga gʻayirlik qilayapti!
— Ay, Norgul, shu buzmakorliging boʻlsa senga birov ham qaramaydi!
— Uyoqda kuyovtoʻra intiq boʻlib qoldi!

Qizlar-da boʻsh kelmadi:
— Intiq boʻlsa boʻlar!
— Qirqiga chidagan kuyov, qirq biriga-da chidar!
— Bir tong otsa otibdi-da, hali yanagi tonglar bor!

Xayrulla domla oxirgi bor — uchinchi bor vakil soʻradi.

Shunda-da javob boʻlmadi.

Uchdan keyin puch boʻldi.

Domla tashqari ravona boʻldi.
— Kelin xohlamayapti, nikohni qoldiramiz, — dedi.

Shunda, oq parda ichidan:
— Ha... — demish zaif ovoz keldi.

Ovozni barcha eshitdi.

Kuyov joʻralar keta-keta:
— Tagʻin xiyol hayallaganingda kuyovsiz qolib eding! — dedi.

Kulgi boʻldi.

16

Boʻlak uyda oʻtirmish boʻlak domla oldiga keldilar.

Birov kelindan soʻrab keldi.

Kelin vakilini akasiga berdi.

Kelin akasi domla qoshiga choʻk tushdi.

Kuyov keldi. Qaynogʻasi hurmati uchun yuziga belbogʻ tutdi. Yerga qarab oʻtirdi.

Dasturxonda bir chinni kosa suv bilan ikkita tandir non boʻldi.

Domla bolish uzra kitob ochdi. Qiroatli-qiroatli xutba oʻqidi. Xush talqin-xush talqin xutba oʻqidi:
— Alhamd-u lillahil-lazi ja’alan. Nikoha fasilam baynal halali valharom kama qolallohu: fankixu ma taba lakum minan-nisai. Va qola Rasulullohi, an-nikah-u sunnati av faman rogʻiba an sunnati falaysa minni. An-nikohi rogʻibun val mankuhatu margʻubatun val mahr-u a’lo ma tarozayo. aqulu qovli haza va astagʻfirullohal gʻoffaro li va lakum. (Halol bilan harom oʻrtasida nikohni bino etgan Ollohi taologa hamd-u sanolar boʻlsin. Qur’onda Olloh deydi: oʻzingizga yoqqan ayollardan nikohlab olinglar. Paygʻambarimiz hadislarida demishlar: oila qurish mening sunnatim. Kim undan yuz oʻgirsa, u mendan emas. Kuyov yaxshi koʻruvchi, kelin yaxshi koʻrilgan, oʻrtalaridagi mahr roziliklariga binoandir. Shu soʻzimni aytib, oʻzim va sizlar uchun Ollohdan kechirim soʻrayman.)

Domla kelin akasidan vakil soʻradi:
— Sizkim, Esonboy Abdiboy oʻgʻli, singlingiz Oymomo Abdiboy qizini Qoplonboy Qurbonboy oʻgʻliga shar’iy xotinlikka berdingizmi?
— Ha, berdim, — dedi aka.

Domla, endi kuyovdan soʻradi:
— Sizkim, Qoplanboy Qurbonboy oʻgʻli, Oymomo Abdiboy qizini oʻzingizga shar’iy xotinlikka qabul qildingizmi?
— Qabul qildim.

Domla suvdan bir hoʻpladi.

Kuyov-da bir hoʻpladi.

Nikoh suvidan kuyov joʻralar-da hoʻpladi.

Domla kuyovlik burchlarini aytdi:
— Olti oy tashlab ketmaslik, achchiq shapaloq urmaslik, yalang oyoq qoʻymaslik, halol yurish-turish... Shu shartlarni qabul qildingizmi?
— Ha, — deya bosh irgʻadi kuyov.
— Ha, kifoya emas. Qabul qildim, deb ayting.
— Qabul qildim.
— Barakallo.

17

Nikoh oʻqilish mobaynida onasi kuyov yelkasiga beqasam chopon yopdi. Beqasam yelkasidan igna bilan ip oʻtkazib-ip oʻtkazib oldi.

Bu, kuyov-qayliq hamisha birikib yursin, ajra¬lib ketmasin, degani boʻldi.

Ip uchlarini tugmadi.

Kelin-kuyov taqdir-peshonasi tugilmasin, deya shunday qildi.

Hamisha bugʻdoyday serob boʻlsin, bola-chaqali boʻlsin deya, kuyov boshi uzra bir hovuch bugʻdoy sepdi.

18

Kuyov oshnalari bilan chimildiqqa yoʻl oldi.

Oyogʻida baland poshnali gʻarchillama etik boʻldi. Yelkasida beqasam, belida shoyi belbogʻ boʻldi. Boshida qoʻqoncha doʻppi boʻldi.

Chimildiqli uy toʻla ayol boʻldi.

Kuyov ayollar orasidan yurdi. Chimildiqda tik turdi.

Kuyov yolgʻiz turmasin deya, oshnalaridan birovi yonida yoʻldosh boʻldi.

19

Kelin poyandozni bir-bir bosib keldi.

Yuzlarida oppoq harir boʻldi. Boshida ipak roʻmol boʻldi.

Egnida beqasam kamzul, atlas koʻylak boʻldi. Oyoqlarida kavush boʻldi.

Kelin peshonasida tillaqosh boʻldi.

Tillaqosh jimjimador koʻzlari yorugʻda yalt-yalt etdi.

Quloqlarida zirak boʻldi. Koʻkraklarida sakkiz kumush nishonli zebigardon boʻldi.

Zebigardon feruzalari tovlandi, bodomlari tovlandi.

Toʻyxonani kiyik oʻt bilan olqor isi oldi.

Olqor bilan kiyik oʻt qizlar qulogʻida boʻldi, koʻkraklarida boʻldi.

Qizlar kelinga boʻlishdi, boʻzbolalar kuyovga boʻlishdi:
— Koʻzingga qara, koʻzingga qara! — deyishdi.

Emishki, yo kuyov, yo kelin birinchi boʻlib birovi oyogʻini bossa, ana shu roʻzgʻorda umr boʻyi oʻktam boʻladi!

Kelin, kuyov oyogʻidan koʻz uzmadi. Chapiga qarab yurdi. Chap oyogʻi bilan kuyov oyogʻini bosmoqchi boʻldi.

Kuyov epchillik bilan oʻng oyogʻini tortib oldi.

Kelin oyogʻi koʻrpachani bosib oldi.

Kuyov chaqqonlik qilib, kelin oyogʻini bosdi.

Boʻzbolalar gʻolibona qah-qah urdi:
— Kuyov bosdi, kuyov oʻktam! — dedi.

20

Kelin-kuyov yonma-yon turdi.

Boʻzbolalar kelin-kuyov poyida davra qurdi. Qizlarga hazil-mutoyiba gaplar otdi.

Koʻngillar koʻngillarni izladi, koʻzlar koʻzlarni izladi.

Koʻzlar xushtor-xushtor boqdi, gʻamzali-gʻamzali boqdi.

Koʻzlar oʻynadi, koʻzlar chorladi.

Koʻngillar entikdi, koʻngillar orziqdi.

Qaysidir koʻngil oshiq boʻldi, qaysidir koʻngil ma’shuq boʻldi.

Qaysidir koʻngilda koʻhna dard qaytalandi.

Qaysidir koʻngilda dard shu lahzadan boshlandi!

21

Peshonalarda manglaydoʻzilar yal-yal boʻldi.

Solinchaklarda bodomnusxa kumush gajaklar, oynador baldoqlar halqa-halqa boʻldi.

Koʻkraklarda tumorlar, nozigardonlar, uch qatorli shokilalar, toʻrt qator shokilalar, toʻrt qator-u besh nishonli marjonlar shoda-shoda boʻldi.

Boshlarda ottuyoq roʻmol, sholroʻmol, balxiroʻ¬mol, qulmiroʻmol, shotutroʻmol, simroʻmol, harir roʻmollar havolandi.

Bodomcha, iroqi doʻppilar, chorgul, baxmaltepa doʻppilar gʻuj-gʻuj boʻldi.

Elimiz kamalakni matoga koʻchirdi. Oti atlas boʻldi.

Ana, atlas onalarimiz, opa-singillarimiz, qizla¬rimiz egnida tovlandi.

Atlasda oʻziga loyiq rangi boʻldi, rangiga loyiq nomi boʻldi: Sakkiztepkilik, Margʻilon xonatlasi, Samarqand oqshomi, Margʻilon mash’ali, Fargʻona yoʻllari, Layli, Guli, Shirin, Mahliqo, Shotikapak, Shodiqara, Qoʻchqorshohi, Tiri kamon, Oltin kalit...

Bir yil toʻrt fasl boʻldi. Fasllar ranglarga moʻl boʻldi: bahor — gulzor, yoz — oftob, kuz — munis, qish — marmar...

Elimiz fasllarni matoga koʻchirdi: Hamisha bahor, Bogʻ-u boʻston, Rayhon, Gul va Navroʻz, Gulnamozshom, Bargikaram...

Atlas — elimiz tarixi. Atlasda elimiz kechirmish hayitlari bor, fojialari bor.

Atlas — qoʻshiq, elimizning azaliy ham soʻngsiz qoʻshigʻi!

22

It gʻirillatar,

Kampir oʻldi,

Soch siypatar,

Qoʻl ushlatar boʻldi.

23

Oyna koʻrsatar baridan-da zavqli boʻldi, baridan-da gashtli boʻldi!

Kayvoni ayol kelin-kuyovga oyna tutdi.

Kelin-kuyov yuzlarini oynadan olib qochdi. Kelin qarasa kuyov qaramadi, kuyov qarasa, kelin qaramadi!

Kayvoni ayol kelin-kuyov boshini yonma-yon ushladi. Yuzlarini oynaga qaratib turdi.

Bir-birlari bilan aytishmaganlariga-da qoʻy¬madi!

Kuyov kelin aksi bilan, kelin kuyov aksi bilan pichirlashib aytishdi:
— Bizni voyaga yetkazmish ota-onamizga ming bor qulluqlar boʻlsin.
— Akamiz bilan yangamizga undan-da koʻp.
— Bir-birimizga oʻla-oʻlgunimizcha sodiq boʻ¬laylik.
— Undan keyin-da shunday boʻlaylik.
— Oʻgʻil-qizlarimiz...
— Bir etak boʻlsin!

24

Chimildiq tushdi.

Kuyov-qayliq chimildiq ichida qoldi.

Ikkita momo chimildiq sirtida qoldi.

Momolar urchuq yigira-yigira, oʻz kechmish- laridan gapirdi, qayliq boʻlmish davrlardan gapirdi.

Momolar mijja qoqmadi. Kuyov-qayliqni qoʻ¬riqlab oʻtirdi.

Chimildiqda oʻtirmish kuyov qayligʻi qoshiga bordi.

Qayliq bir chimildiqqa qaradi, bir kuyovga qaradi. Bu qarashda mana bunday dedi:

«Xolisroq oʻtirsin, momolardan uyatdir».

Kuyov qayligʻiga oʻpka-gina bilan tikildi. Bu tikilish mana bunday dedi:

«Ha, deyish shunchalar mushkulmi? Oshno¬larim sargʻayib somon boʻldi».

Qayliq miyigʻida tabassum balqidi.

«Darrov ha, desak kelin oʻlib turgan ekan, deydilar».

«Chin, men darrov ha, debman. Miq etmay oʻtira bersam boʻlardi».

«Indamay tura berish kuyovlar emas, kelinlar rasmi. Aslida, birinchi soʻrov-da ha, degimiz bor...»

Momolar chimildiqda kechmish jimjitlikdan alagʻda boʻldi. Birovi ohista chimildiq burchini turdi. Birovi tirsaklab yotdi. Chimildiq ostidan bir koʻzlab moʻraladi.
— Eb-ey, oralaring muncha olis? — dedi. — Yo, bizdan nam tortayapsizlarmi? Nam tortmanglar, bizda qayliq boʻlib edik...

Momolar chimildiqni yopdi.

Ana shunda, chimildiqdan qiqir-qiqir kulgi keldi...

Momolar ogʻizlarini ushlab kuldi, bir-birlarini turtib kuldi, bir-birlarini oʻymichlab kuldi...
— Hayriyat-a... — dedi.

Tong tagi oqardi.

Kuyov chimildiqni tark etdi.

25

Qorongʻi tushdi.

Odam odamni tanimay qoldi.

Kuyov oshnalari bilan qayliqlab keldi.

Chimildiqli uyda davra qurdi.

Oshnalar zigʻir moyli palov yeb ketdi.

Kuyov yolgʻiz qoldi.

Shunda, qayliq kirib keldi.

Qayliq deraza pardalarini tekisladi. Tokchadagi shamni yoqdi. Chiroqni oʻchirdi. Sham bilan chi¬mildiqqa kirdi.

Kuyov-da sham izidan kirdi. Loʻla bolishga yonboshladi. Shamga tikildi.

Qayliq roʻmoli koʻksiga tusha berdi-tusha berdi. Shunda qayliq roʻmolini yelkasiga qayirib tashladi.

Qayliq-da toʻlgʻona-toʻlgʻona yonmish shamga termuldi...

26

«...Togʻlar kulrang, qirlar kulrang boʻldi. Archalar koʻm-koʻk boʻldi. Adirlar oʻrkach-oʻrkach boʻldi. Tavatoshlar ulkan-ulkan boʻldi. Yongʻoqlar azim-azim boʻldi.

Bir qiz yelkasida koʻza, buloqqa keldi. Koʻzasini yerga qoʻydi. Buloq suvlarida yuzini yuvdi.

Shunda, suv ostida turmish bir otliqqa koʻzi tushdi.

Qiz roʻmoli bilan yuzini yashirdi, qiz hayolandi.
— Koʻzlaringni yashirma, Oymomo, — dedi otliq.
— Keting, odamlar koʻradi, keting, — dedi qiz.
— Buloq suvlaridan ichayin deb keldim.

Boʻzbola otdan tushdi. Bir qoʻlida jilov boʻldi.

Hovuchlab-hovuchlab buloq suvi ichdi. Bir ho¬vuchini qizga sepdi.

Ot hurkdi, ketiga tis boʻldi.

Qiz betlarini artdi.
— Ichgan boʻlsangiz, endi keting.
— Koʻzlaringni bir koʻrayin deb keldim.
— Koʻrishga mening koʻzlarimdan oʻzga-da koʻzlar koʻpdir.
— Yoʻq, har bandaning oʻz koʻradigan koʻzlari boʻladi. Sening koʻzlaring — meniki. Kelma, desang, mayli, kelmayman.
— Koʻzlarni deb kelmasangiz-da, buloq suvi ichgani keling...».

27

Kuyov-qayliq oʻz xayollarini bir-birlaridan yashirdi. Ayni vaqtda bir-birlari nimalarni xayol surayapti, shuni bilmoqchi boʻldi.
— Gapir, — dedi kuyov.
— Oʻzi gapirsin, — dedi qayliq.
— Sen gapir.
— Oʻzi gapirsin-da.
— Nimani gapirayin?
— Oʻzimizning oqshomlardan gapirsin, qirdagi bugʻdoy oʻrimidan gapirsin...
— Sen gapir, qirdan qaytib, zardolilar ostida oyoq ilganimizni, men senga zardoli terib berga¬nimni.
— Oʻzi gapirsin, qoʻllari zardoli shoxlarida boʻlsa-da, koʻzlari menda ekanini.
— Sen gapir, shamolda roʻmoling uchib ketgani, men ushlab kelganimni.
— Oʻzi gapirsin, roʻmolga uzatgan bilagimdan mahkam ushlaganini, yigʻlayman desam-da, qoʻyib yubormaganini.

Sukunat, toshday sukunat.

Kuyov-qayliq xayolan koʻrdi: zardolilar ostiga tap-tap tushdi. Koʻrshapalaklar pir-pir uchdi.

Kuyov-qayliq xayolan eshitdi: yoz chigirtkalari chir-chir etdi. Boyoʻgʻli uzib-uzib ovoz berdi.
— Yoʻq, sen gapir, qoʻllaringni ushlaganimni uyalmay-netmay yangangga aytganingni.
— Oʻzi gapirsin, aytdim, deya aldasam-da, yangamdan qochib yurganini.
— Aytmaganing chinmi?
— Chin.
— Men yangangga roʻpara boʻlolmabman, yuzlariga qanday qarayman, deb.
— Bilsa, haliyam aytganim yoʻq.

Kuyov zavqlandi. Shiftga tikilib, sukutga ketdi.

Jimjitlik qayliq koʻngliga tahlika soldi. Qayliq xayoli bir yoqlarga ketdi.
— Nimalarni oʻylayapti? — dedi.
— Oʻzimizning oqshomlarni.
— Zubaydani-chi?

Qayliq kuyovni jon joyidan ushladi.

Kuyov xayoli uchdi-ketdi.
— Sen unday oʻylarga borma, — dedi kuyov. — Chin, qaraganim chin. Men senga aytsam, qaraydigan vaqtlar edi-da. Kimga qaragan boʻlsam, seni deb qarab edim. Chin, Zubaydaga qaradim. Yoʻq, u sen emas boʻldi. Bolxinga qaradim. U-da sen emas boʻldi. Tagʻin birovga qaradim. U-da sen emas boʻldi. Tagʻin birovga qaradim. U, sen oʻzing boʻlding...
— Shu chinimi?
— Chinim.

Qayliq iyib ketdi. Qayliq dildorlik berdi, qayliq dilbarlik berdi...
— Unda... men sizga... tan berdim!

28

Kuyov-qayliqlar tongi tez otadi!

Qayliq kuyov quchogʻidan qoʻzgʻoldi. Kuyov uzatmish bebosh qoʻllarni rad etib tashladi.
— Boʻldi! — dedi. — Beboshlik qila berdi-qila berdi, tonglar boshiga-da yetdi...

Kuyov-qayliq dahlizda bir-birlari boshidan suv quydi. Gunohlardan forigʻ boʻldi.

Kuyov belqars oʻray-oʻray eshik sari yurdi. Eshik baldogʻini ushladi. Serrayib qoldi. Yelkasi osha chimildiqqa qaradi.

Qayliq roʻmoli uchini gʻijimlab oʻynadi. Barmoqlariga tikildi.
— Endi kelmasin, yomon ekan, — dedi qayliq.

Kuyov koʻngli tongday yorishdi. Bordi-yu, qayliq boʻlmish qachon kelasiz, deganida kuyov ogʻrinar edi.

Kuyov katta koʻcha boʻylab yurdi.

Kuyov koʻzlariga jamiki olam oppoq boʻlib koʻ¬rindi.

Poyidagi yoʻl oppoq choyshabday oppoq. Uylar, devorlar, daraxtlar-da oppoq. Qushlar-da oppoq, choyshabdayin oppoq. Koʻcha yoqalab oqmish suv-da oppoq. Suv jildirashi-da oppoq, choyshabdayin oppoq.

Tong yetildi.

Yulduzlar soʻndi-soʻndi, Zuhro yolgʻiz qoldi.

Kuyov quchoq ochdi — tongni bagʻriga bosdi.

Tong bepoyon osmoni, qorga belanmish togʻlari bilan, parishon adirlari, sarvqomat teraklari bilan kuyov qoʻyniga kirdi.

Kuyov kaft ochdi. Havoda toʻzgʻimish tong sochlarini — tong yellarini siladi.

Kuyov tongni oʻpib-oʻpib oldi!

Ariq yoqalab chopdi.

Balx tut tanasini quchoqladi. Balx tut shoxchalarini — sochlarini siladi, sochlarini taradi.

Tagʻin chopib ketdi.

Roʻparasidan odam keldi.

Kuyov odamzotni ilk bor koʻrmish misol tikildi.

Bu odam itidan-da yomon koʻrmish Ismat ovchi boʻldi.

Ushbu damda Ismat ovchi-da binoyiday odam boʻldi.

Olamda yomon yoʻq, barcha-barcha yaxshi boʻldi.

Kuyov umrida birinchi bor Ismat ovchiga salom berdi.

Hamishagiday salom umidlanmay oʻtmish Ismat ovchi xiyol oʻtib oyoq ildi. Hayron boʻlib alik oldi. Ketga qaradi-qaradi.
— Tarvuzing yorilibdi-da... — deya manqalandi.

Bir ayol kela berdi.

Kuyov joyida qoldi. Qadam bosarini-da bilmadi, bosmasini-da bilmadi. Yuzlari lov-lov yondi.

Ayol kelayapti...

Endi, ayol zoti koʻziga qaysi yuz bilan koʻrinadi? Koʻrinsa, ayol zoti yuziga qaysi koʻz bilan qaraydi?

Kuyov ayoldan yoʻlini chap soldi.

29

Qurbon hayit boʻldi.

Ahli moʻminlar qurbonlik qildi. Jonliq soʻyib qon chiqardi.

Qoʻli kalta moʻminlar qassobdan goʻsht oldi.

Ahli moʻminlar hayitlik kiydi. Bisotida borlar ohorli kiyim kiydi. Bisotida yoʻqlar koʻhna boʻlsa¬da, ozoda kiyim kiydi.

Ahli moʻminlar orolandi. Yuzlariga xushboʻy-xushboʻy moylar surtdi. Qoshlariga oʻsma tortdi. Koʻzlariga surma surdi. Qoʻllariga xino qoʻydi. Koʻkraklariga olqor taqdi.

Moʻminlar bir-birlari uyiga hayitlab bordi.
— Hayitingiz qulluq boʻlsin! — deya muborakbod etdi.

Kuyov qayligʻiga hayitlik yubordi, qayliq ku¬yoviga hayitlik yubordi.

Qoplon kuyov tarafdan bir farangi roʻmol, bir juft kavush, uzuk hamda turli-tuman qand-qurs keldi.

Oymomo qayliq tarafdan koʻylak, jelak, belqars hamda qoʻlroʻmol hayitlik keldi.

Bari qayliq qoʻlidan boʻldi.

Buni roʻmolcha qoq belida qip-qizil choʻgʻdayin tovlanmish atirguldan bildik.

Atirgul qayliq kuyovga roʻmolcha emas, koʻngil yubormish ramzi boʻldi.

Kuyov roʻmolchani yuzlariga bosib-bosib hid¬ladi.

Roʻmolchadan... roʻmolchadan qayligʻi havosini oldi.

Roʻmolchani koʻzlariga surtib oʻpdi, peshonasiga surtib oʻpdi, lablariga surtib oʻpdi.

Oʻpdi-oʻpdi, toʻrt buklab qoʻyniga tiqdi.

30

Hayitda ulkan hovuz boʻyida jiynoq boʻldi.

Jiynoqda nisholda, noʻxat sotdi, holva, pista sotdi.

Bolalar loyshuvillak chaldi, sibziq chaldi.

Qizlar katta tut ostida gʻuj boʻldi.

Sardor qiz jikkak bolaga bir oʻram arqon berdi.

Bola yalang oyoq boʻldi. Beliga arqon oʻradi. Yoʻgʻon tutga tirmashib chiqdi.
— Qaysi shoxga tashlayin? — soʻradi bola.
— Huv anavi bukri shoxga! — dedi sardor qiz.

Bola ana shu shoxga chiqib bordi. Belidagi arqonni shoxga tashladi. Arqon uchlari yerga borib tegdi.

Shox bilan yer oraligʻi yigirma qulochcha boʻldi.

Bola shu arqondan yerga osilib tushdi.

Yerda kaftini qoshiga qoʻyib qaramish qizlar ichini tortdi.

Sardor qiz bolani bir mushtladi.
— Oʻl-a, yuragimni yording-ku! — dedi.

Bola yer sapchidi, hiringlab kuldi.
— Urmang, boʻlmasa Nurali akamga aytaman!— dedi.
— Nuraling kim?
— Sizni achchiq zardoli ostida quchoqlab oʻpadigan Nurali!
— Oʻchir-e, koʻrgiliging koʻp boʻlgur!

Qizlar gurr kuldi!

Sardor qiz arqon uchlarini tugdi.

Halinchakka bir qiz oʻtirdi.

Sardor qizni uyoqdan-buyoqqa olib borib-olib keldi. Keyin zarb bilan qoʻyib yubordi.

Qiz halinchak uchishiga qarab goh oʻtirdi, goh turdi.

Qiz yellandi, qiz sollandi! Qiz sur’atini oshirgan sayin oshirdi!

Tevarak tomlarda holva yeb oʻtirmish hayitlovchilar halinchak tomosha etdi.

Shunda, Oymomo halinchakladi.

Oʻziga qaradi. Ottuyoq roʻmolini boʻyniga oʻradi.

Sollanib-sollanib bir uchdi-bir uchdi-e! Gir aylanib ketayin dedi!

Halinchak quyidan yuqoriladi.

Oymomo oʻtirib oldi.

Halinchak oʻng tarafga koʻtarilib bordi. Joyida muallaq qoldi. Keyin, birdan quyiladi.

Oymomom oyogʻida tik turdi.

Halinchak Oymomo vazni zarbida shiddat bilan quyiladi. Quyidan chap tarafga yuqoriladi.

Halinchak bir chap sayin-bir oʻng sayin yuqorilab-yuqorilab turdi.

Hayitlovchilar bosh kiyimlarini ushlab halinchak qaradi.

Shunday boʻlsa-da, doʻppisi tushib ketuvchilar-da boʻldi, roʻmoli uchib ketuvchilar-da boʻldi.

Qoplon yuragini hovuchladi.
— Yo, pirim-e, yo, pirim-e, — deya pichirladi.

Ogʻzidagi holva ogʻzida qoldi, boʻgʻzidagi holva boʻgʻzida qoldi.

Halinchak ohistaladi.

Oymomom oʻzini yerga tashladi. Zarb bilan chopqillab bordi. Bir qizni quchoqlab oldi.

Ana shunda Qoplon yelkasidan nafas oldi. Boʻgʻzidagi holvani yutdi, ogʻzidagi holvani chaynadi.

31

Kechasi qayliq oʻyinida boʻldi.

Qayliqdan qoyilligini yashirmadi.
— Yuragingga balli-e! — dedi. — Aeroplandayin uchding-a! Senga qarab, mening boshim aylanib ketdi!
— Uchib qolayin, bir-ikki oydan keyin uchish qayoqda...
— Nimaga unday deysan?

Qayliq javob oʻrnida kuyov qoʻlini ushladi, barmoqlarini tortqiladi.

Kuyov darhol anglab oldi.
— Ha-a-a... — deya kulimsidi.

Qayligʻi yuzini bagʻriga bosdi. Sochlarini siladi. Dilnavozlik qildi...
— Otini nima qoʻyamiz? — dedi.
— Barchinoy.
— Sen hali...
— Qiz yaxshi-da. Menga yordamchi boʻladi.
— Yoʻq, oʻgʻil boʻlsin. Otini-da oʻylab qoʻyibman: Xushvaqt!
— Keyin?
— Keyin, Xushvaqtni katta qilamiz. Uylan¬tiramiz-joylantiramiz, nevara-chevara koʻramiz. Men bova boʻlaman, sen momo boʻlasan.

Qayliq zavqlanib-zavqlanib kuldi.
— Men bu kishini bovasi deb chaqiraman.
— Men seni momosi deb chaqiraman.
— Bovasi!
— Momosi!

Kuyov-qayliq Xushvaqt yoʻlida entika-entika tongni oqladi.

32

Tandir toʻla nonlar yopildi.

Kelin bisotlari, yuk-yoplari otlarga ortildi.

Oy toʻyxona uzra havolandi.

Supa oldida saman ot bel boʻldi.

Oʻng yoq hamsoya saman jilovini ushlab turdi.

Yanga boʻlmish kelin oyogʻidan olib yubordi.

Kelin otlandi.

Kelin bilan bir begunoh bola mingashib boradi.

Bu sharaf xiyla talash boʻldi.

Ogʻayni-jamoadan besh-olti bola:
— Xolam bilan men mingashaman, opam bilan men mingashaman! — deya turib oldi.

Kelinga toʻngʻich jiyanni mingashdi. Oʻzga bolalar yigʻlab qoldi.

Ogʻayni-jamoa hovli yuziga chiqdi. Yoppasiga oq fotiha berdi.

Kelin oʻng taraf hamsoyasi ot yetakladi.

Yon qoʻshnim — jon qoʻshnim boʻldi.

Ot ostonadan hatladi.

Kelin uzatildi.

Kelin yigʻi boshladi:
— Uvv-uvvv-uvvv...

Yigʻini oʻz uyi — oʻlan toʻshagini tark etajagidan, xesh-aqrabolaridan olislab ketajagidan desak-da boʻladi.

Moʻlt-moʻlt qarab turmish, sel-sebora yigʻlab turmush jiyanlari koʻngli uchun desak-da boʻladi.

Yo, akasi bilan yangasi bizdan qutulish uchun zormanda ekan, demasin degan andishada yigʻlaydimi?

Shunday desak-da boʻladi.

Yo, kuyovi uyiga borajagi quvonchidan, xushvaqtligidan yigʻlaydimi? Ayniqsa, shunday desak boʻladi!

Jiyani belidan qoʻshqoʻllab quchoqlab olmish kelin eshitilar-eshitilmas yigʻlab bordi:
— Uvvv-uvvv-uvvv...

Saman terib-terib qadamladi: tik-tik tik...

Hovlilarda itlar hurdi.

Chap taraf chorbogʻdan loviyaqovun isi keldi.

Toʻylovchilar chorbogʻ tarafga qaradi. Toʻyib-toʻyib iskadi.

33

Koʻprikda soyalar qora berdi. Ikkita boʻzbola koʻprikda tayogʻ tutib turdi.

Tayoqni olmasdan koʻprikdan oʻtib boʻlmadi.

Boʻzbolalar kelin tarafdan talab qildi:
— Kuyov... beringlar!

Kelin taraf sukut saqladi.

Boʻzbolalar oʻz soʻzida turdi:
— Unda, yoʻl yoʻq.

Ot yetaklovchi qoʻynidan kelin tikmish roʻmollardan oldi. Boʻzbolalarga birovdan berdi.

Tayoq olindi, kelin yoʻli ochildi.

34

Kuyov uyiga yetib keldilar.

Bolalar kelinga peshvoz chopdi.
— Yashasin, kelin keldi! — deya qiyqirdi.

Darvoza oldida gulxan yoqildi.

Kelin gulxandan uch marta aylandi.

Oqlik uchun, hamisha oqkoʻngil boʻlib yurishlari uchun kelin-qudalar yuziga un sepildi.

Yuzlarini roʻmoli bilan yashirgan yashirib qol¬di, yashirolmagan oppoq un boʻldi.

Saman qora oʻtov oldida oyoq ildi.

Kuyov qayliqni otdan tushiraman dedi. Quchogʻini lang ochdi.

Qayliq kuyov qoʻllarini surib tashladi. oʻzicha rad etgan boʻldi.

Qayliq baribir shu quchoqdan tushdi!

Qarindoshlari bilan dugonalari kelin girdini olib turdi.

Kayvoni momo kelinni roʻmoli burchidan ichkari yetakladi. Kelin boshini ostonaga egdi.
— Mana shu ostonaga bi-i-ir ta’zim! — dedi momo.

Kelin ostonaga oʻxshatib bir ta’zim qildi.

Tagʻin bir ta’zimlab, ostonani tavof qildi.

Kayvoni momo kelinni ta’zimlatib-ta’zimlatib ichkarilay berdi.
— Bizni yaratmish Odam Otamizga bir ta’zim!
— Bizni bino etmish Momo Havomizga bir ta’¬zim!
— Pastroq egil, u kishi koʻp ulugʻ edi!
— Ha, boʻyginangdan momoginang aylansin-da! Qani, yura ber!

Kelin chimildiqda tik turdi.

Chimildiq bogʻichida oʻn sakkiz xil kelinlik ki¬yimi terildi. Devorlarda oynaxaltalar, choyxaltalar boʻldi, zardevorlar, soʻzanalar boʻldi.

Soʻzanalarda «Xush kelibsiz» demish kashtali soʻzlar boʻldi.

Bir soʻzanada atirgul ramzi boʻldi, bir soʻzanada qizil olma ramzi boʻldi.

Tagʻin bir soʻzanada ogʻzida qizil gul tishlab parvozlanmish kaptar boʻldi.

Kaptar ostida «O» harfi kashtalandi. Kaptar intilmish manzil tarafda «Q» harfi kashtalandi. «O» — Oymomom boʻldi, «Q» — Qoplon boʻldi.

Bari kelin ishi boʻldi!

35

Kayvoni momo kelinni toʻylovchilarga salom berdira berdi:

Soydan hoʻkiz suvlatgan

Doʻmbirasini kuylatgan,

Oʻgʻillarini uylatgan —

Qaynotamga salom!

Osmondagi yulduzday,

Qoshi qora qunduzday,

Dili oydin kunduzday —

Qaynonamga salom!

Baytlar kayvonidan boʻla berdi, ta’zimlar kelindan boʻla berdi:

Qozonlarning qopqogʻi,

Ayollarning oppogʻi,

Misli olma yonogʻi —

Gulsun opamga salom!

Gʻijim roʻmol oʻragan,

Burilib oyga qaragan

Sochin silliq taragan —

Sanam xolamga salom!

Bogʻda uzum gʻoʻrasi,

Kuyovbekning joʻrasi,

Norguloyning toʻrasi —

Bahrom akamga salom!
— Kayvoni momo, hamsoyasi Suvon daroz, men qolib ketdim, deb oʻpkalayapti.
— Unda, eshitsin:

Tegirmonning noviday,

Adras toʻnning bogʻiday —

Daroz akamga salom!

Norboy choʻpon oʻrnidan turib ketdi.
— Ay, momo, kelin nimaga menga salom ber¬maydi? — dedi.
— Salom berganim boʻlsin. Eshiting:

Qopga tiqqan poxolday,

Indan chiqqan shoqolday,

Choʻpon akamga salom!

Boʻldi kulgi!
— Hay ukkagʻarning momosi-yo, bekor oʻpka¬labman-a!

Kelin keldisi yaxshi, toʻy boʻldisi yaxshi!

36

Kelinlar tong saharlab turadi!

Kelin ayollar hamrohligida eshikni ochdi, tuynukni ochdi.

Shu xonadonga sodiq boʻlish ramzida it yalogʻiga ovqat qoʻydi.

Idish-toboqlarga bir-bir koʻz soldi.

Porillab yonmish olovga moy tomizdi.

Bu baxtli boʻlish ramzi boʻldi.

Nevara-chevarali boʻlib yurayin deya qoʻliga goʻdak oldi.

Barcha palov yedi.

Kelin boʻlsa, qoʻlini-da uzatmadi.

Shunda, kelin osh yemadi, boʻldi.

Kuyov togʻasi kelin osh yeyishi uchun bir joʻra sakkiztepkilik atlas aytdi. Ammasi qoʻqoncha shoyi aytdi.
— Aytadiganlar ogʻziga qarab aytsin! — dedi bir momo.

Chin, aytuvchilar aytmishini kelinchaqiriqda kiygizadi.

Oxirgi kelin osh yemadini qaynonasi aytdi:
— Mana shu uy-joy turish-turmishi bilan seniki!
— Ana boʻlmasa! — dedi barcha.

Ana shundagina kelin palovga qoʻl uzatdi.

Yuz ochar boʻldi.

Kelinlar yuzini ochish begunoh norasidalar ishidir.

Shu bois, momolar toʻrt-besh yashar kuyov ukani gij-gijladi.

Kuyov uka chopqillab bordi. Yangasi yuzidagi roʻmolni tortib yubordi.

Kelin yuz ochdi.

37

Toʻylovchi ketdi, toʻyxona qoldi.

Kuyov bilan qayliq qoldi.

Ota-ona kuyov-qayliq uchun boʻlak hovli solib berdi.

II

Momomiz shundaygina bobomiz qabatlarida oʻtiribdilar.

Doka roʻmollari uchlari yellarda hilpiradi-hilpiradi, bobomiz yuzlarini siladi.

Bobomiz huzurlandilar, bobomiz gʻashlandilar. Kipriklarini pirpiratdilar, yonoqlari, lablarini uchirdilar.

Doka roʻmol momomiz sochlariday oppoq boʻldi, mayin boʻldi.

Ohista-ohista esmish yoz yellari tanga huzur berdi.

Yellar salqin boʻldi, yellar sokin boʻldi.

Yoz yellaridan yer isi keldi.
— Bu yil pishiqchilik yaxshi keldi, momosi. Mevalar moʻl...

1

Qoplon oyogʻida ogʻriq turdi.

Iliklarida bir nimalar gʻimirlab yurdi. Iliklari qizidi, iliklari zirqiradi.

Qoplon chalqanchadan yonbosh boʻldi. Ayoli tarafga oʻgirildi.
— Havo sevalab oʻtadi, momosi, — dedi.
— Bu kishi qayerdan biladi? — dedi ayoli.

Qoplon oyogʻini aytmadi.
— Bilaman-da, — dedi. — Koʻrshapalaklar inlaridan uchib chiqmasa, havo ayniydi. Bugun oqshom koʻrshapalaklar uchmab edi.

Ogʻriq zoʻraydi. Toʻpiqlari, bebilchaklari ichi zirqiradi.

Qoplon tashqarilab keldi.
— Aytdim-ku, momosi, — dedi. — Oy oʻz girdida oʻrov tortibdi. Yogʻadi, bosib yogʻadi.

Chin, yarim tunda yomgʻir ovoz berdi. Yomgʻir toʻntariqli togʻoralarni chaldi, derazalarni chertdi.

Qoplon yotib yotolmadi. Ayvonlab, hovli chirogʻini yoqdi.

Tarnovdan tushmish yomgʻir koʻlmaklandi. Koʻlmakka tomchilami yomgʻir chuldiradi.

Hovli burchida mushuk koʻzlari yiltiradi. Oʻtlar orasidan qurbaqa sapchib keldi.

Qoplon dimogʻi yomgʻir isini tuydi.

Havo ertasi tushda tindi.

Kun yaraqlab ketdi.

Oymomo koʻrpa-toʻshaklarni shamollatish uchun hovlidagi simga osdi. Derazalarni lang ochdi.

Oftobroʻyaga toʻshak tashladi. Dasturxon yoydi.

Qoplon ta’tillandi. Keyin, yonboshladi. Telpagini qoshiga surdi. Koʻzlarini yumdi. Oʻzini oftobga toblab yotdi.

Oymomo oftobiyorda tikish tikdi.

Hovli yuzida makiyon tovuq donladi. Makiyon viqor bilan qadamladi, vazmin-vazmin qadamladi.
— Qurq-qurq-qurq! — deya, ovoziga hamohang qadamladi...

Makiyon ketida olam-jahon joʻja odimladi. Joʻjalar yum-yumaloq boʻldi. Limonday-limonday boʻldi. Sariq-sariq boʻldi.
— Chiyov-chiyov-chiyov! — deya pildiradi.

Chin, joʻjalar pildir-pildir etdi. Misoli dumaladi!
— Chiyov-chiyov-chiyov! — deya dumaladi.

Shu vaqt hovli uzra bir soya aylandi.

Qoplon koʻzi yumuqligidan koʻrmadi.

Oymomo koʻzlarini qisib qaradi. Nimaligini bilmadi.

Gʻojir hovli uzra davra oldi. Favqulodda yerga yulduzday uchdi. Qanotlarini yoyib keldi. Bir joʻjani panjalari orasiga oldi. Tagʻin oʻqday yuqoriladi.

Oymomo ana shunda nima gapligini tushundi. Joyidan sapchib turdi. Qoʻl siltab zugʻum qildi:
— Kish deyman-a, kish, qiyomat qotgur! — dedi.

Gʻojir terak boʻyi koʻtarildi.

Panjalarida bormish joʻja chiyillab-chiyillab qoʻya berdi.

Makiyon falakka sapchib qoqoqladi, joʻjasiga talpinib qoqoqladi.

Qoqoqladi-qoqoqladi, shahd bilan tomlab uchdi. Chiy-chiy-chiy etmish joʻjasiga talpindi.

Tomdan gʻoʻzapoya gʻaramiga uchdi. Chiy-chiy-chiy, deya olamlamish joʻjasiga talpindi.

Gʻaramidan simyogʻochga uchdi. Ammo simyogʻoch uchiga yetolmadi. Pirr etib yerga uchib tushdi.

Boʻynini choʻzib-choʻzib, falakka qaradi. Joʻjasi chiy-chiy-chiy deya, tobora olislab bordi.

Ana shunda makiyon joʻjasidan umrbod judo boʻlajagini bildi.

Jonholatda Oymomo bekasini aylanib qoqoqladi. Bolamni olib ketdi, dedi. Oh urib qoqoqladi.

Oymomo bekasidan madad soʻradi. Bolaginamni olib ketdi, dedi. Faryod urib qoqoladi.

Bolasi olisladi. Ovozi elas-elas eshitildi.

Makiyon qoqoqladi-qoqladi, taqdirga tan berdi.

Omon qolmish bolalarini ergashtirdi. Katagiga yoʻl oldi. Boʻynini ichiga tortdi. Koʻzlarini yumdi.

Makiyon, nopayid boʻlmish bolasi azasini tutdi.

Oymomo makiyon izidan bordi. Katakka qarab-qarab keldi.
— Bola bola-da, — dedi. — Boʻlmasa, qolgan oʻn beshta bolasi kamlik qiladimi...

Qoplon ma’yus bosh irgʻadi.
— Xudo shuni-da koʻp koʻrdi, — dedi.

Gʻojir olislamish yoqqa qaradi. Oʻzicha fotiha oʻqidi. Dasturxon uchun oʻqidimi, yo, nopayid boʻlmish joʻja uchun oʻqidimi, bilib boʻlmadi.
— Xudo shuni-da qiymadi, — dedi.

Ma’yusdan-ma’yuslandi. Ma’yus bosh egdi, ma’yus xayollandi...
— Nima, biron joyi ogʻriyaptimi? — dedi Oymomo.

Qoplon ayoliga termildi. Termildi-termildi, siniq ovozda dedi:
— Bilmayman, momosi, bilmayman. Koʻnglimda bir nima yuribdi. Panjalarini botirib-botirib yuradi. Avvallari ahyon-ahyonda yurar edi. Endi boʻlsa na kechani kanda qiladi, na kunduzni kanda qiladi. Koʻnglimni tirnab-tirnab yuradi. Qoʻlimni suqub, olib tashlayin deyman, boʻlmaydi, boʻlmaydi..

Oymomo soʻraganlariga pushaymon boʻldi. Nafasi ichiga tushib ketdi. Qilt etib yutindi.

Qoplon tagʻin ayoliga termildi. Endigi termilishda mana bunday dedi:

«Xoʻsh, endi nima qilamiz, momosi?»

Oymomo dasturxondan koʻz olmadi. Xiyol titramish barmoqlari dasturxon gullarini siladi.

Toshdan-da ogʻir sukunat boʻldi, azadan-da qaygʻuli sukunat boʻldi!

Bolali uy xandon boʻldi, bolasiz uy zindon boʻldi!

Oymomo koʻz qirida Qoplonga qaradi. Kipriklari pirpiradi. Koʻz qirini olib qochdi.

Koʻz qiri mana bunday dedi:

«Bilmasam, bovasi, men bilmasam...».

Qoplon etigini kiydi. Qoziqdan qamchini oldi.

Shunda, yelkalari bir koʻtarilib tushdi.
— U-u-uh! — dedi.

Qamchi oʻrimi bilan etigi qoʻnjini qamchiladi, Ogʻir-ogʻir odimladi. Zinadan pastladi.

Shunda, ichkaridan:
— U-u-uf! — demish oh keldi.

Ayoli!

2

Qoplon ishiga otlandi.

Uyiga oqshomda qaytib keldi.
— Otasi aytib ketdi, — dedi ayoli.

Otdan tushmasdan otasinikiga yoʻl oldi.

Borsa, ota-onasi bilan oʻzlarining sovchisi boʻlmish oʻtiribdi.

Qoplon ota-onasidan eshitmaganlarini eshitdi.
— Tokaygacha shunday yura berasan? Javobini ber-da, qoʻy! — deya qoʻl silkidi otasi.

Onasi roʻmoli burchi bilan ogʻzini ushladi. Yigʻlamsiragan boʻldi.
— Uf-f, kunma-kun oyoqdan qolayapman. Nevara koʻrolmay oʻtib ketamanmi endi... — dedi.
— Nevarangiz koʻp-ku, ena... — deya mingʻilladi Qoplon.
— Har bir gulning oʻz hidi boʻladi. Boshqa nevaralarimning yoʻrigʻi boshqa, sendan koʻradigan nevaralarimnnig yoʻrigʻi boshqa.
— Sen qatorilar bolali boʻldi, — dedi otasi.
— Oʻgʻli bornnig oʻzi bor, qizi bornnig izi bor.
— Umr oʻtayapti. Boʻlaringda boʻlib oʻt, boʻz yoʻrgʻaday yelib oʻt.

Qoplon najot istadi, sovchiga qaradi.

Sovchi bu qarashni uqdi.
— Xohlasang, ajral, — dedi sovchi. — Oʻzim qoʻshib edim, oʻzim ajrataman. Keyin, ukkagʻarning sovchisi umrimga zavol boʻldi, deya oʻpkalanib yurma.
— Mayli, bir oʻylab koʻrayin, — deya qoʻzgʻaldi Qoplon.

3

Tokaygacha odamlar qoboq-tumshugʻiga qarab kun koʻradi?

Yo shunday oʻtib keta beradimi? Umri oxirigacha-ya?

Ogʻziga yetgan bor, yetmagan bor. Bir kun emas-bir kun, birov bilan gapi chap tushadi. Yuziga aytadi...

Shunda nima degan odam boʻladi?

Koʻza kunda sinmaydi, kunida sinadi!

Mana, necha yilkim, mungʻayib kun koʻradi.

El-yurt bilan muloqot qilsa, gap ketishiga qarab turadi. Birov bir bema’ni gap gapirsa:
— Sizniki ma’qul, — deya bosh irgʻaydi.

Bordi-yu, shu gapni boshqa birov inkor etsa:
— Sizniki-da ma’qul, — deydi.

Inkor etmaydi, e’tiroz-da bildirmaydi.

Hayot ketishi, kun oʻtishini poylaydi.

Tokaygacha?

Togʻ yoʻlida yurmish otliq koʻnglidan ana shular oʻtdi.

Yoʻl yoqalarida adirlar boʻldi. Adirlar ot tuyoq tovushlari aks sadosini berdi.

Soyda togʻ suvi toshdan-toshga urila-urila oqdi, koʻpiklana-koʻpiklana oqdi.

Osmonoʻpar togʻ bagʻoyat koʻrkam boʻldi, tarovatli boʻldi.

Otliq shu toqqa tikilib bordi, xayollanib bordi.

Shoʻro kotibi qorovullikka olaman, dedi, Albatta, gap-soʻzsiz olmaydi. Oʻzi, qolabersa, boshqalari soʻrab-surishtiradi. Nimaga qoʻltigʻingiz ostidagi ishni tashladingiz, koʻp yillar yonma-yon ishlagan odamlarga qoʻl siltadingiz, demaydimi? Yoʻl olis boʻlsa, yana tagʻin toʻqson soʻmlik qorovullik boʻlsa, nimasiga orzumand boʻlasiz, demaydimi? Olisdagi palovdan yaqindagi shoʻrva yaxshi demaydimi?

Shunda, nima deydi? Befarzand boʻldim, eldan tilim qisiq boʻldi, shu bois, eldan xolisroqda yurayin, deydimi? Minba’d! Indamay tura beradi. Baribir ishga oladi. Oʻzi aytdi, sadqai suxaningiz, dedi...

4

Otliq otini darvoza ustuniga qantardi.

Hovliga kirdi, zinadan koʻtarildi, tor yoʻlakdan ichkariladi.

Shunda, nordon-nordon gapirmish kotib ovozini eshitdi. Eshik ketida oyoq ildi. Devorga yagʻrin berdi.

Kotib kuyundi:
— Qachon jilovlab qoʻyiladi bu igʻvogar, gʻalamislar-a?! Qachon bartaraf boʻladi, bu anonimchilar-a?! Avval soliq masalasi edi, endi bu! Rahmat, muxbir aka, haqiqatni tiklagani kelibsiz. Umid qilamanki, hujjatlarimizni koʻrib chiqib, oʻsha fisq-u fasodchilarning yozganiga yana qaytib ishonmaysiz!

Begona ovoz soʻradi:
— Xolliyev Joʻra!

Kotib javob berdi:
— Bor, Vaxshivorda yashaydi!
— Saidov Olim!
— Bor, Zardaqulda istiqomat qiladi!
— Karimov Xolbek!
— Hayot! Loʻkkada qarilik gashtini surib yuribdi!
— Iltimos, shu odamni bir chaqiring. Bir gurunglashaylik.
— Endi, muxbir aka, Loʻkka olis, ha, olis! Buyogʻi, Loʻkkasoydan sel chiqqan! Ot oʻtolmaydi!
— Xoʻp, Toʻrayeva Mengsulton!
— Bor!
— Qayerda?
— Xoʻjasoatda! Qarilik nafaqasini oʻz vaqtida olib turadi!
— Xoʻ-oʻp. Islomov Boʻriboy!
— H-e, bu anavi chinorlik dala qorovuli! Kuni dalada oʻtadi! Boʻri akani ertalab bekatda koʻrib edim! Yoʻl boʻlsin, desam, Denov borayapman, nos tamom boʻldi, deb edi!

Qoplon koʻzlarini bir yumib ochdi. Oyoq uchida tashqariladi, tagʻin otlandi. Jilovni qoʻyib yubordi. Ot oʻz ixtiyorida qadamladi.

Qoplon egar qoshiga tikilib bordi-bordi-da, birdan boshini koʻtardi. Shunda, qoʻlida jilov yoʻqligini bildi. Uzalib, ot boshigacha surilib bormish jilovni tortib oldi.

Ot seskandi, old oyoqlarini xiyol koʻtardi, yoʻlga bel boʻldi.

Qoplon otni chapdagi echki soʻqmoqdan soldi.

Soyda satil koʻtarib yurmish ayollar oldidan oʻtdi. Adirlab, otiga qamchi bosdi.

Ot gʻarq terga botdi, ogʻir-ogʻir nafas oldi.

Qoplon adir narigi betida otdan tushdi. Ot arqonini toshga oʻradi.

Maydaroq bir toshga choʻnqayib oʻtirdi. Tizzalarini quchoqladi. Peshonasini bilaklariga qoʻydida... hoʻngrab yigʻlab yubordi!

U yigʻladi... inson, oʻgʻri boʻl, gʻar boʻl, evi bilan boʻl-da. Shundan koʻra oʻlganing yaxshi emasmi. Imon qani, odam degan noming qani, inson... deya yigʻladi.

U yigʻladi... inson, senga pul kerak, inson. Pul deganlari bir qogʻoz-ku, inson. Qogʻozni deb shunchalikka bordingmi, inson... deya yigʻladi.

Ot quloqlarini dikkaytirib-dikkaytirib xoʻjasiga qaradi.

Qoplon yigʻlay berdi-yigʻlay berdi. Qizimish badani sovidi, toʻlmish oʻpkasi boʻshadi.

Otni xiyol yoʻlgacha yetaklab bordi. Koʻzlarini jelagi oʻngiri bilan artdi. Xoʻrsina-xoʻrsina, otlandi. Chayqala-chayqala, yoqasiga tufladi.

Muxbir soʻramish, kotib aytmish oʻsha bandai moʻminlar koʻz oʻngidan bir-bir oʻtdi: Xolliyev, Saidov, Toʻraeva...

Bu bandayi moʻminlar... bu bandayi moʻminlar bundan besh-olti yil muqaddam... rahmatlik boʻlib edi...

5

Shu-shu, Qoplon kotib yuzini koʻrmadi. Koʻrishni-da xohlamadi.

Kotibni esladi — seskandi, eti jimirladi. Kotibni esladi — bosh chayqadi, yoqasiga tufladi.

Koʻrmish-kechirmishlarini elga joriy etmoqchi-da boʻldi. Yana tagʻin shashtidan qaytdi.

«Ismat mirob Mamat bilan tegirmonda navbat talashib qolib, bechorani qandayin xoʻrladi? — dedi. — Yigirma yildan beri ayolingni tugʻdirolmaysan-da, yana tagʻin oʻzingni erkak sanaysan, dedi. Bundayin gapni eshitgandan koʻra... oʻlgan yaxshi! Mabodo koʻrgan-bilganlarimni aytib qoʻysam, kotib eshitib qoladi. Keyin, el oldida haligidayin gaplarni yuzimga soladi. Undaylardan keladi, ha. Yaxshisi, hali-hozir tilimni tiyganim ma’qul boʻladi. Xushvaqt oʻgʻlimiz dunyoga kelsin, undaychikinlar bilan qanday gaplashishni oʻzim bilaman!..»

6

Ota-onasi tagʻin chaqirtirdi.
— Uyimizdan ilon chiqqanmi? — piching qildi otasi.
— Yoʻq, nima edi? — talmovsiradi bolasi.
— Boʻlmasa nimaga qorangni koʻrsatmaysan?
— Bizning gapimiz nima boʻldi?
— Yelib-yuguryapmiz, berib qolar... — deya mingʻilladi Qoplon.
— Bersa, shu vaqtgacha berardi-da.
— Ayolingning gapiga kirma! Ayoling aldab yura beradi.
— Ayoling bugun u deydi, ertaga bu deydi...
— Oʻzi-ku, pushti kuyib ketibdi ekan...
— Endi, seni-da soʻqqabosh oʻtkazadimi?..
— Nafaslaringizni issiq qilingizlar...
— Nafasimizni issiq qilmay, nima qilyapmiz?
— Qozon toʻla osh boʻlsin, yostiq toʻla bosh boʻlsin, deyapmiz!

Qoplon miq etmay qoʻzgʻoldi.

Ota-onasi ketidan qarab-qarab qoldi.

7

Qish qaridi.

Yerdan koʻklam hidi keldi.

Brigadir Qoplonni tok kesish uchun aytdi.

Qoplon roʻmolga non bilan mayiz tugdi. Tugunni xurjunning oʻng koʻziga soldi. Chap koʻziga tokqaychilarni soldi.

Dalaga yoʻl oldi.

Otini ariq boʻyiga arqonladi.

Xurjunni yelkasiga tashladi. Yoyilib tok kesmish odamlarga qarab yurdi.

Hormang, bor boʻling, qildi.

Tushlik tugunni olma shoxiga ildi.

Oʻngirlarini chappa qayirib, belbogʻiga qistirdi.

Joʻyak boshida tok kesib boshladi. Novda toʻrtinchi boʻgʻinidan qaychi soldi. Omon qolmish novda uchini yerga qadab qoʻydi.

Galdagi tok qoʻshtana boʻldi. Har tanada toʻrtbeshtadan novda boʻldi. Bu novdalar uchini kesib, shunday qoldirib boʻlmaydi. Boisi, bir tokka koʻplik qiladi. Oqibat, uzumi mayda-mayda boʻladi.

Shu bois, Qoplon tok birovini ayrisidan choʻrt kesib tashladi.

Tanada bitta tok qoldi.

Endi, choʻrt kesib tashlanmish tok kuch-quvvati-da ana shu omon qolmish tokka oʻtadi. Bir tokda ikkita tok quvvati boʻladi.

Ana endi novdalarni uzun-uzun qoldirsa-da boʻladi. Shigʻil-shigʻil uzum tugadi.

Shu bois, Qoplon, omon qolmish tok novdalarini toʻrtinchi boʻgʻindan emas, oltinchi boʻgʻindan kesib tashladi.

Qoplon oqshomgacha toʻrt joʻyak tok kesdi.

Boʻzbolalar kesilmish novdalarni yigʻishtirib oldi. Kuzda mayiz qilinajak oʻchoq oldiga olib borib bosdi.

Oqshom Qoplon beli qadala-qadala, otiga arang mindi.

Uyida yonboshlab ta’tillandi-da, oʻzini toʻshakka tappa tashladi.

8

Oymomo dasturxon yopa-yopa:
— Sinoda bir tabib bor emish, ostonasidan odam uzilmas emish, — dedi.
— Nima qil deysan? — dedi Qoplon.
— Brigadirdan soʻrasin, borib kelamiz.

Qoplon ayoliga ogʻirinib qaradi.
— Qaysi yuz bilan? — dedi.

Oymomo chappa burilib oldi.
— Bu kishiga ish kerak, mol-dunyo kerak. Qaygʻusi bolami... — dedi.

Qoplon yonib ketdi. Tashqariladi. Hovlini aylanib keldi. Chopon oʻngirini tutamlab aytdi, oʻz ovoziga yot ovozda aytdi:
— Menga manavi choponim qolsa boʻldi, momosi!..

9

Qoplon diltang boʻlib oʻtirib edi, otasi kirib keldi. U, otasi maqsadini bildi.
— Bor, mol-hollarga qara, — dedi ayoliga.

Otasi joylashib oʻtirdi. Fotiha qildi. Yerga qarab gap ochdi:
— Enang aytgan gapni nima qilding? — dedi.
— Qanday gap? — talmovsiradi Qoplon.
— Nevara-chevara orzusi.

Qoplon haminqadar kuyib-yondi.
— E-e-e, ota! — dedi. — Ayol meniki! Buyogʻini oʻzimga qoʻying-da, endi!
— Aytmasang-da, ayol seniki, bari gap senda.
— Boʻpti-da!
— Bir ogʻiz gapni aytib, javobini berib yuborish shuncha qiyinmi?
— Tinch qoʻying, ota, tinch qoʻying!
— Qoʻymayman! Nima deysan, qoʻymayman!

Qoplon oʻrnidan turib ketdi.
— Boring, ota, boring, baraka toping!

Otasi angrayib qoldi.
— Nima-nima?! — dedi.
— Tinch qoʻyasizmi-yoʻqmi, deyapman!
— ...
— Qoʻymasangiz, ana, katta koʻcha!

Otasi ogʻzidagi ogʻzida, boʻgʻzidagi boʻgʻzida qoldi.
— Ha-a-a!! Sen hali meni uyingdan haydayapsanmi?! Meni-ya?!
— Haydayotganim yoʻq, tinch qoʻying, deyapman!
— Ha-a-a!!! Meni-ya?! Oʻz otangni-ya?! He, enangni...

Otasi sapchib turdi. Qoplonning quloq-chakkasiga tortib yubordi. Hovliga otilib chiqdi. Kaftlarini katta-katta ochdi. Salmoqlab-salmoqlab duo qildi:
— Omin, oʻz otangni uyingdan haydagan boʻlsang, iloyim, kosangning tagi oqarmasin! Oʻlsang, otamlab yigʻlovching boʻlmasin, ollohu akbar!

Otasi etak qoqib ketdi. Yana qaytib kelmadi.

Bir qish uzun-da keldi, ayoz-da keldi.

Chol ana shu qishdan chiqolmadi.

10

Bir armon folchiga borish boʻldi. Fol ochirish boʻldi.

Qoplon bilan Oymomo otlandi. Dahana Obshir qishlogʻiga bordi. Hojar koʻr folchi uyini topdi.

Darvozada bir ayol:
— Kechqurun folim kelmaydi, erta saharlab kelsin, deyaptilar, — dedi.

Qoplon bilan Oymomo otdan tushmayin iziga ravona boʻldi. Xiyla yurdi. Boya oʻtmish toshloq oralab yurdi.

Ot ohistaladi. Qalqib-qalqib oldi. Oyoq ilib-ilib oldi.

Qoplon bildi, ot tuyoqlariga tosh botdi. Otiga rahmi keldi. Enkayib, ot tuyoqlariga qaradi.
— Shu, Hojar koʻrga nimaga-da keldik, oʻzi, — deya xunob boʻldi.
— Unday demasin, — dedi Oymomo, — Hojar koʻrni folchimisan-folchi, deydilar. Baloni biladi, deydilar.
— Goʻrni biladi, ochiq lahadni biladi! Oʻz oti oʻzi bilan Hojar koʻr boʻlsa!..

11

Qoplon bilan Oymomo tong saharlab keldi.

Oymomo yolgʻiz oʻzi ichkariladi. Tevarakka alangladi. Hayron boʻlib qoldi. Hovli toʻla oq tovuq boʻldi! Tovuqlar biri qoʻyib biri qoqoqladi. Oymomo ketidan ergashdi.

Oymomo tovuqlarni kishkishlab haydadi. Koʻnglidan: «oʻzi, bu yer uymi, yo, bir tovuq fermami?» degan gap oʻtdi.

Nimqorongʻi uyga kirib bordi.

Uy toʻrida oppoq bir momo oʻtirdi. Momo oppoq kiyimda boʻldi. Yelkalariga tashlab olmish roʻmolida oppoq boʻldi. Roʻmoli chetlaridan koʻrinmish sochlari-da oppoq-oppoq boʻldi. Oppoqlikda yuzlari-da sochlaridan qolishmadi.

Hojar koʻr yuzlarini yuksak tutdi. Yuzlarini magʻrur tutdi, ulugʻ tutdi. Goʻyo, shipga yuzlanar boʻldi. Goʻyo, bir nuqtaga tikilar boʻldi.

Uy nimqorongʻiligida ajab bir sehr boʻldi. Hojar koʻr oʻtirishida ajab bir salobat boʻldi.

Oymomoni nimqorongʻi sehri bosdi, Hojar koʻr salobati bosdi. Oʻtirishini-da, turishini-da bilmadi. Boʻsagʻada serrayib qoldi.
— Kel, aynam, kel, manavi yerga oʻtir! — dedi Hojar koʻr.

Oymomo Hojar koʻr aytmish joyga choʻk tushdi. Hojar koʻrga bel boʻldi. Yerga qarab oʻtirdi.

Hojar koʻr yuzlarini shipdan olmadi, koʻzlarini shipdan uzmadi.
— Emin-erkin oʻtira ber, aynam, bu yer tovuq ferma emas, Hojar koʻrning uyi! — dedi.

Oymomo bir qoʻzgʻolib oldi. Dovdirab qoldi.
— A? — dedi.
— Bu yer Hojar koʻrning uyi, tovuq ferma emas.

Oymomo hang-mang boʻldi.
— Tovuq qoqoqlashini yaxshi koʻraman, — dedi Hojar koʻr. — Xoʻroz qichqirishini undan ham yaxshi koʻraman. Xoʻrozlar meni azonda uyqudan uygʻotadi. Shu bois, koʻp-koʻp tovuq boqaman. Soatga ishonmayman. Soatda jon yoʻq-da. Joni yoʻq nimaga ishonib boʻladimi!..

Hojar koʻr koʻylak yoqalarini koʻtarib-koʻtarib, ichini shamollatdi.
— Ha-a, otda keldilaringmi, aynam?
— Ha.
— Ot tuyogʻini tosh ursa, Hojar koʻr aybdor emas, aynam!..

Oymomo yuzlarini yerdan oldi.
— Birov sizni aybdor dedimi? — dedi.
— Dedi-da, aynam, xoʻjang dedi-da! Hojar koʻr goʻrni biladimi, dedi-da! Hojar koʻr biladi, aynam, ha, biladi! Hojar koʻr goʻrniyam biladi, yerniyam biladi!..

Oymomo lol boʻlib qoldi. Nima deyishini bilmadi.
— Nimaga tumoring yoʻq, aynam? — favqulodda soʻradi Hojar koʻr.
— Bor, — dedi Oymomo.
— Qani, qani?
— Mana.

Oymomo chap qoʻltigʻiga qoʻlini olib bordi. Birdan, koʻngli shuvv, etdi. Tumori joyida boʻlmadi.

Koʻylagi yoqasidan qaradi. Chin, tumori joyida boʻlmadi.

Kechasi yuvinib-taranib edi. Ana shunda tumorini joyiga taqish xayolidan faromush boʻlibdi...

Oymomo yomon vaziyatda qoldi. Qoʻlini qoʻltigʻiga qoʻyib oʻtira berdi.
— Ana, koʻrdingmi, aynam? — dedi Hojar koʻr.— Hojar koʻr biladi, ha, koʻzi koʻr boʻlsayam, Hojar koʻr biladi! Hojar koʻr odamzot ichidaginiyam koʻradi, Hojar koʻr odamzot ichidaginiyam biladi!

Oymomo haminqadar lol boʻldi. Yerga qarab oʻtira berdi.
— Hay, anavi mixdagi doirani olib berib yubor, aynam!

Oymomo devorda osigʻliq doirani olib kelib berdi.

Shunda, Hojar koʻr doirani emas, Oymomo bilagini oldi. Koʻktomirini ushlab koʻrdi. Uch-toʻrt nafas ushlab turdi.

Shundan keyin, doirani oldi. Joylashibroq oʻtirdi. Doira ipidan boshmaldogʻini oʻtkazdi. Barmoqlarini tuflab hoʻlladi. Doirani silkib-silkib chala ketdi, aytib-aytib chala ketdi:
— Hay, azizlar, avliyolar, anbiyolar!.. Qoʻlingdan bermasang, yoʻlingdan ber, yoʻlingdan bermasang, soʻzingdan ber!.. Magʻribdan desammikin?.. Mashriqdan desammikin?.. Foling kelmayapti, aynam, nima balo, qarib qoldimmi deyman!..

Hojar koʻr doira halqachalarini shildiratib-shildiratib chala ketdi, aytib-aytib chala ketdi:
— A-u-uf!.. Foling ana endi kelayapti, aynam! Astagʻfurillo, oʻzingga shukur-e! Aynam-ov, mendan oʻpkalab yurmagin tagʻin, bari ayb oʻzingda, ha, oʻz ichingda!.. Taqdir-peshona ekan-da, aynam!..

Oymomo bosh irgʻadi. Folchiga atalmish pulini berdi.

Miq etmayin tashqariladi. Miq etmayin eriga mingashdi.

Yoʻda eri belidan quchib yigʻladi. Eri yelkasiga yuzlarini bosib yigʻladi. Piq-piq yigʻladi!

Qoplon nima gapligini fahmladi. Otini ohistalatdi.
— E-e-e, momosi, — dedi. — Shunga-da piq-piqmi? Nima, Hojar koʻring ichingga kirib chiqib edimi? Hojar koʻring nimani biladi? Oʻz oti oʻzi bilan koʻr-da! Folchiga ishonma, suvga suyanma!..

12

Olamda Oymomo uchun bor-yoʻgʻi bitta savol boʻldi... Savol berguvchi odam-da birov boʻldi.

Savol til bilan emas, boqish bilan aytildi:

«Endi nima qilamiz, momosi?»

Savolga javob berguvchi-da birov — oʻzi boʻldi.
— Soʻfi Olloyor bovani ziyorat qilib kelaylik. Kim biladi, oʻsha kishi ogʻrindilarmi... — dedi.

Qoplon otlandi. Ketiga ayolini mindirdi. Oldiga chori qoʻy oʻngardi. Vaxshimor yoʻl oldi.

Soʻfi Olloyor ziyoratgohi bodomzor bogʻot qoʻynida boʻldi.

Qoplon Olloyor mozori poyida qoʻy soʻyib qon chiqardi.

13

Mozordagi Olloyor otli bu zot kim boʻldi?

Olloyor asli Samarqanddan boʻldi. Kattaqoʻrgʻonning Minglar qishlogʻidan boʻldi.

XVII—XVIII asrlarda yashab oʻtdi. Shayxlar maktabida hamda Buxorodagi Joʻybor shayxlari dargohida ta’lim oldi. Gʻazallar bitdi. «Murod ul-orifin», «Tuhfat ul-tolibin», «Maslak ul-muttaqin», «Sabot ul-ojizin», «Musannib alayhi rahmonni vasiyatlari» deya atalmish nazmiy devonlar tuzdi.

Oltmish yoshida uch nafar sodiq xalfalari bilan Samarqandni tark etdi. Borajak manzilini aytmadi. Kechasi bilan zim-ziyo yoʻq boʻldi.

Olloyor nima uchun kindik qoni tommish yurti, bola-baqrasini tashlab ketdi? Nima uchun borajak manzilini aytmadi?

14

Soʻfi Olloyor «Sabot ul-ojizin» nazmiy devonida shunday bitdi:

Ey birodar, meni yaxshi demanglar zinhor,

Zohirim soʻfinamodir, botinim kin-u niqor,

Aning uchun togʻ-u tosh-u, choʻlni qildim ixtiyor,

Shumligʻim, rasvoligʻim, tegdi viloyat xalqigʻa,

Shu sababdin muhtamid boʻldim gʻariblar boʻmigʻa,

Qaysi holda oʻlganimni bilmasun xesh-u tabor...

Oʻzi, Olloyor kim edi? Avliyo edimi? Tabib edimi? shoh edimi?

Olloyor bek edi!

Olloyor qirqta xotin oldi!

Olloyor boj yigʻuvchilar mahkamasida xizmat qildi. Fuqaroga zulm qildi.

Olloyor qamchisidan qon tomdi!

15

Emishki, Olloyor otda shahar aylandi. Yurdi-yurdi, bir koʻprikdan oʻtdi.

Bunday qarasa, koʻprik osti suv qip-qizil qon boʻldi.

Olloyor hayrondan-hayron boʻldi. Xalfalaridan qon boisini soʻradi. Bilinglar, oʻzi nima gap, dedi.

Xalfalari koʻprik ostiga tushib qaradi.

Ayon boʻldi: koʻprik ostida bir ayol oʻtirdi... Ayol Olloyorni olisdan koʻrdi. qoʻrqdi! Koʻprik ostiga qarab qochdi. Koʻprik ostida yashirinib oʻtirdi.

Ayol boʻyida boʻlin! Boshi uzra oʻtmish Olloyor oti dupur-dupuridan... dupur-dupuridan qalt-qalt qaltiradi... bola tashlab qoʻydi!

Suv ana shundan qip-qizil qon boʻldi!

Xalfalari bor voqeani Olloyorga aytib berdi.

Olloyorda picha shoirlik bor-da, bu voqeadan haminqadar ta’sirlandi, haminqadar azoblandi.

Bo darigʻo, men shunday odammi-a, deya ezildi.

Olloyor... tarki dunyo qildi!

Yurdi-yurdi, Qoratikon qishlogʻiga keldi. Undan Qubodiyon qishlogʻiga oʻtdi.

Tagʻin yurdi-yurdi, Vaxshimor deya atalmish makon sari doxil boʻldi.

Gunohlaridan forigʻ boʻlish uchun toat-ibodatga berildi.

El-yurt xizmatini qildi.

16

Emishki, Olloyor bunday qaradi. Vaxshimorda suv boʻlmadi.

Shunda Olloyor soy yoqalab bordi. Soy ostiga tushdi.

Bir yer namlanib turdi, suv yiltirab turdi.

Olloyor shu namni tayogʻi bilan turtdi.

Yerdan suv sizib-sizib chiqdi.

Olloyor xalfasiga:
— Shu tayoq bilan yer chizib, Vaxshimorga iz qilib bora ber, — dedi.

Shunda xalfasi:
— Suv pastda boʻlsa, Vaxshimor yuqorida boʻlsa, suv qanday qilib chiqadi? — dedi.
— Sen ilon izi qilib yuqorilab bora ber, suv chiqmasdan qolmaydi, — dedi Olloyor.

Chindan-da, suv tayoq izidan yuqorilab bordi, Vaxshimorlab bordi.

Suv quyidan yuqorilab oqdi!

Olloyor suvni elga koʻz-koʻz qildi.
— Qara — buloq! — dedi.

Shu-shu, buloq Qorabuloq, deya ataldi.

Qorabuloq yillar mobaynida oʻzanini katta oldi.

Mana, ikki asdirkim, Qorabuloq quyidan yuqorilab oqdi. Qishin-yozin qurimadi. Qishda iliq boʻldi, yozda sovuq boʻldi.

17

Vaxshimor — ilonlar makoni demakdir.

Chindan-da, oʻtmishda Vaxshimor ilonlar makoni boʻldi.

Ilonlar Vaxshimor oralab yurdi.

El jonini hovuchlab-hovuchlab kun koʻrdi.

Ana shunda, Olloyor el joniga ora kirdi.

18

Emishki, Olloyor ilonlar podshosi Oq ilon nomiga noma bitdi.

Nomani yurakliroq bir xalfasiga berdi.
— Bor, Oq ilon saltanatiga borib kel, — dedi.
— Qoʻrqaman, taqsir, — dedi xalfa.
— Unda, saltanat qabriga tashlab qayt, uyogʻiga navkarlari yetkazadi.

Xalfa nomani qoʻyniga soldi. Oq ilon qarorgohiga ravona boʻldi.

Qarorgoh Vaxshimor qiblasidagi Ilonqara degich sayhonlikda boʻldi.

Xalfa manzilga yetib keldi. Xalfa seskanib ketdi.

Ilonqara gʻij-gʻij ilon boʻldi! Barmoqday ilonlar, bilakday ilonlar, yoʻgʻon odam soniday ilonlar!

Sariq ilon, kulrang ilon, qora ilon, ayniqsa, toshrangli chiporlari koʻp boʻldi!

Xalfa arosatda qoldi. Borishini-da bilmadi, qaytishini-da bilmadi.

Hushi boshidan uchdi, badani jimirladi, peshonasidan terlar oqdi.

Xalfa eson-omon qaytishiga koʻzi yetmadi!

Iziga-da qaytmadi!

Qanday-da qaytadi? Pirning gapini ikkita qilib boʻladimi?!

Yo oʻlim, yo pirim!

Xalfa ana shunday qat’iyat bilan Oq ilon qarorgohiga yoʻl oldi.

Ilonlar toʻlgʻondi, ilonlar chiyilladi, ilonlar vishilladi!

Yerdan goʻdak boʻyi koʻtarildi, buqogʻini shishirdi, qop-qora boshlarini choʻzdi!

Inson peshonasidan terlar quyilib bora berdi.

Rangida rang qolmadi. Oyoqlari oʻzinikimi, yo birovnikimi, bilmadi.

Jiqqa ter jelagi yelkalariga yopishdi.

Inson qomatini tik tutib bora berdi!

Ilonlar inson koʻrib, bundayini koʻrmadi!

Oq ilonday qudratli podshohi azim ustiga bostirib kelyapti-ya! Azaliy saltanatni oyoq osti qilyapti-ya! Doʻq-poʻpisalarga pinagini-da buzmaydi-ya!

Oʻzi, bor-yoʻgʻi birov boʻlsa!

Ilonlar chekindi! Ilonlar qarorgohlariga qarab qochdi!

Inson bostirib bora berdi!

Shunda, katta tosh oldida yotmish bir nimaga koʻzi tushdi. Qolmish hushi-da boshidan uchdi!

Yotmish nima bor-yoʻgʻi qamchi oʻrimiday keldi! Oppoq, jundor boʻldi!

Bu, podshohi azimning oʻzlari boʻldi!

Inson toʻxtadi. Podshohdan koʻz uzmadi. Qoʻyniga qoʻl soldi. Nomani oʻzidan bir qadam oldin tashlamoqchi boʻldi. Ammo qoʻlini choʻzishdan qoʻrqdi. Panjalarini ochdi.

Shunda, noma yerga tushdi.

Inson iziga qayrildi. Yelkalarini qisdi. Ohista-ohista odimladi. Nazarida, podsho izidan kelayotganday boʻldi. Ogʻiz-koʻzlarini katta-katta ochdi. Ketiga qaradi. Yoʻq, podsho qimirlamay yotdi.

Shunda, inson ketiga qaramadi, oʻqday chopib qocha berdi!

Oq ilon hukmona chiyilladi! Oʻz saltanatidagilarni qarorgohiga yigʻdi!

Inson bir kelib oʻrgandi boʻldi, endi kela beradi, tinchlik bermaydi, dedi. Ketamiz, inson qadam bosmaydigan yerlarga ketamiz, dedi.

Jamiki qavmlarini ershashtirdi, oʻzini Xoʻjayipok daryo suviga tashladi.

Undan Surxondaryo suviga oʻtdi. Surxondaryodan suzib chiqib, Zahartepaga oʻrladi.

Zahartepa Oq ilon koʻngliga oʻtirmadi!

Oq ilonlar tagʻin yurish qildi. Bobotogʻga yoʻl oldi.

Bobotogʻning Govurgon degan yerini makon etdi...

Mana, ikki asrkim, Bobotogʻ ilonlar makoni boʻldi!

Ana shunday emish-emishlar Olloyor otini ilohiylashtirdi. Olloyor otini avliyolashtirdi.

El, Olloyor mozorini tevaragini devorlab oldi.

El, mozorni ziyoratgoh etdi.

El, yaxshi-yomon kunlarda ana shu mozorga sigʻinajak boʻldi.

19

Olloyor oʻlayotib, nima deb vasiyat qilib edi? Ey, farzandsizlar, mozorimga sigʻininglar, men sizlarga farzand beraman, deb edimi?

Olloyor oʻlimi oldidan qavmlariga mana bunday vasiyat qildi:

Man oʻlsam, ey jam’e mahrami roz,

Mani oʻzga oʻlikdek qilmang e’zoz.

Xas-u xor ustigʻa tashlab, tutung xor,

Qilib mandek bahodir jismidin or.

Boʻsagʻa ustigʻa tashlang tanimni,

Kafan aylang churuk shirohanimni.

Manga hayf etmangizlar tutilmogʻon boʻz,

Agar chandiki mardum qilsalar soʻz.

Yuboring tez boraturgʻon yoʻlimgʻa,

Mabodo qolmagaysiz shumligʻimgʻa,

Koʻzingizdan chiqormang qatrayi yosh,

Janozam orqasidan otingiz tosh,

Oyogʻimdin tutib, sudrang lahadga...

20

Oymomo mozor sigʻindi. Toʻlib-toshib sigʻindi. Jon-tani bilan sigʻindi. Yod boʻlib qolmish nolasini naqorat qildi:

Aylanayin Soʻfi Olloyor hazratim, sadagʻangiz ketayin hazratim, bir umr qulingiz boʻlayin, hazratim, menga shafqat qiling... Koʻpga bergan tirnoqni mendan-da ayamang. Men sizga nima gunoh qilib edimki, meni munchalik xor-u zor qilasiz? Bilib-bilmay ayb qilgan boʻlsam aybimdan oʻting, hazratim. Men bechoraga rahmingiz kelsin, Soʻfi Olloyor hazratim...

Ziyoratdan murod hosil boʻlmadi!

21

Tabiatni toʻlgʻoq tutdi. Toʻlgʻoqdan farzand tugʻildi. Farzand oti Navroʻz boʻldi.

Yurtimizga Navroʻz keldi!

Subhi sodiq mahaldan sarrin-sarrin sabolar esdi. Mayin-mayin sabolar kezdi.

Sabolar tanlarni silab-siypadi, sabolar vujudlarni erkalab-oʻynadi.

Navroʻz olamga maysalardan gilamlar toʻshadi, boychechakdan sirgʻalar taqdi.

22

Navroʻz bundan yetti ming yil muqaddam joriy etilmish Quyosh yil-oy kuni bilan barobar bino boʻldi.

Emishki, Quyosh olamni bir yilda bir bor aylanadi. Shu aylanmish yoʻlida oʻn ikkita burjga roʻparoʻ keladi. Quyosh har burjni bir oy mobaynida aylanib oʻtadi. Zulmat bilan ziyo teng boʻlmish kunda Hamal deya atalmish burjga yetib keladi.

Quyosh ana shu Hamal burji boshidan chiqmish kunda olam oʻzgacha rang oladi. Olam bir boshqa boʻladi.

Taxmuraslar sulolasidan boʻlmish Jamshid podsho ana shu kunni Navroʻz deya atadi.

Keyin, Kayumars podsho boʻldi.

Kayumars Navroʻzni sharafladi, Navroʻzni ulugʻladi.

Navruoʻzni, hayit qildi!

Shu-shu, Navroʻz oʻlik-tirik ozod kun boʻldi.

Navroʻz asir-tutqun ozod kun boʻldi.

Navroʻz qirgʻinbarot toʻxtar kun boʻldi.

Navroʻz kina-kudurat tarqar kun boʻldi.

Kayumars yil kunlari bilan oylariga nom berish uchun azm etdi. Yil joriy etish uchun jazm etdi.

Kayumars tong sahar-tong saharda Quyosh hamal burjining oldingi daqiqasiga kirmish kunni aniqladi.

Olim-ulamolarni yigʻdi, yil hisob-kitobini ana shu kundan boshlashni aytdi, olim-ulamolar rozi boʻldi. Yil hisob-kitobini aynan shu kundan boshlab joriy etdi.

Emishki, olamda Izid xudo ilk xudo boʻldi. Ana shu ilk xudo nurdan Quyosh yaratdi. Quyosh bilan yer-zaminni parvarish etdi.

Izid xudo olamda oʻn ikkita haloskor farishta yaratdi. Toʻrtta farishtani osmon-u falakni baloyi qazolardan asrash uchun yubordi. Baloyi qazolarni togʻlardan beri keltirmaslik uchun toʻrtta haloskor farishta joʻnatdi. Qolmish toʻrtta farishtani esa yer-u zaminni baloyi qazolardan asrash uchun yubordi.

Ana shu Izid xudo Quyosh nurlari barcha-barchaga barobar boʻlsin, dedi. Shu bois, Quyosh oʻz joyidan qoʻzgʻolsin, dedi.

Shunda, Quyosh hamal burji boshidan chiqib keldi.

Zulmat bir boʻlak boʻldi, ziyo bir boʻlak boʻldi.

Kecha bilan kunduz ana shunday bino boʻldi.

Kayumars podsho uch yuz oltmish besh kun boʻlmish bir yilni oʻttiz kun-oʻttiz kundan oʻn ikkita oyga boʻldi. Keyin, ana shu oʻn ikkita oyni Izid podsho yubormish oʻn ikkita haloskor farishta oti bilan atadi.

23

El-xalq balandparvoz chaqiriqlar deb oʻtirmadi, qarorlar deb oʻtirmadi, shior-da’vatlar deb oʻtirmadi, e’lon-afishalar deb oʻtirmadi.

El-xalq oʻz xohish-irodasi bilan adir-qirlarga sayillab chiqdi.

Maysazor adirlarda doshqozonlar osildi.

Ayollar ariq boʻylaridan yalpiz oʻt terdi, kiyik oʻt terdi. Bilq-bilq qaynab turmish qozonlarga soldi.

Qizlar qoraqoshlar terdi. Dimogʻlariga bosib-bosib iskadi. Quloqlariga taqdi.

Qariyalar koʻzlariga boychechaklar toʻtiyo etdi.
— Omonlik, omonlik... — deya, shukrona aytdi.

Qariyalar dilida Navroʻz boʻldi, qariyalar tilida Navroʻz boʻldi.
— Inshoollo, Navroʻz bu yil seshanba kuni kelar boʻlibdi-da, aqllar? — dedi Umarxon eshon.
— Shunday, shunday, — ma’qulladi mulla Namoz.
— Navroʻz seshanbada kelar yil ochlik boʻlmaydi, oshlik boʻladi. Ertagi ekinlar yaxshi boʻladi, noz-ne’matlar-da yaxshi boʻladi. Aybi, taxchilroq boʻladi.
— Yomoni, qon koʻp toʻkiladi. El-yurt orasidan rahm-shafqat koʻtariladi.
— Oʻgʻil otadan qaytadi, qiz onadan qaytadi, ayol eridan qaytadi.
— Podsholar taxtdan qula-qula boʻladi.
— Yomonlik koʻpayadi.
— Yogʻin-chochindan ayting.
— Yogʻin-chochin... qor kam yogʻadi, aqllar. Yil oxirida sel koʻp keladi.
— Oʻzi, Navroʻz qaysi kuni kelsa yil yaxshi boʻladi, azizlar?
— Yakshanba kuni kelsa, koʻp binoyi boʻladi. Oʻlim-etimlar oz boʻladi. Fisq-fasod, yomonlik kam boʻladi. Navroʻz dushanba kuni kelsa-da yaxshi boʻladi. Aybi, bugʻdoy tanqis boʻladi.
— Navroʻz chorshanbada kelsa, yil qimmatchilik boʻladi. Qorin-tomoq uchun qon toʻkiladi.
— Fisq-fasod, gʻalamislik koʻp boʻladi.
— Payshanbada kelsa, dardmandlik koʻp boʻladi.
— Shu yili oy bilan kun-da tutiladi, deng.
— Shunday, aqllar, shunday.
— Jumada kelsa, yomgʻir moʻl-koʻl boʻladi. Aybi, qahraton sovuq boʻladi.
— Navroʻz shanba kuni kelsa.. oʻgʻri-muttahamlar yili boʻladi, mushtumzoʻrlar yili boʻladi.
— Inshoollo, peshonada borini koʻramiz.
— Inshoollo, azizlar, inshoollo, aqllar...

Dasturxonlarda sumalak, halim, koʻk patir, koʻk somsa, koʻk oshi, deya atalmish dori-darmon taomlar boʻldi.

El chehrasi chechak boʻldi. El koʻngli koʻklam boʻldi. El dili ohorli-ohorli tuygʻular bilan toʻldi.

Navroʻzchilar toʻp-toʻp boʻldi. Oʻzi xush koʻrmish oʻyinlar bilan mashgʻul boʻldi.

Doʻmbira chalib, doston aytmish nechov boʻldi.

Davra qurib, doston eshitmish nechov boʻldi.

Oyoqlarini osmon qilib, dorboz boʻlmish nechov boʻldi.

Oymomo qizaloqlar oʻyinini tomosha qildi. Oʻz qizaloqlik davrini yodladi. Ma’yus boʻldi...

Shunda, Qimmat momo keldi. Oymomoni qoralab oʻtirdi.
— Hay-hay-hay, bolaning sadagʻasi ket-sang-a! — dedi.

Oymomo Qimmat momoni koʻrib-koʻrmaslikka oldi.

Qimmat momo qizaloqlarga qarab oʻtira berdi.

Qimmat momolar har yurtda boʻladi, har elda boʻladi.

Qayerda toʻy-ma’raka boʻladi, oʻsha yerda Qimmat momolar boʻladi. Qaerdan quyuq tutun chiqadi, oʻsha yerda Qimmat momolar boʻladi.

El Qimmat momolarni toʻy-ma’rakaga aytmaydi. Aytmasa-aytmasin, Qimmat momolar oʻzlari kirib kela beradi! Indamaygina kirib kelib, ma’rakalarga qoʻshiladi. Ma’raka ishlariga bosh suqadi, ma’raka yumushlariga qoʻl suqadi.

Qimmat momolar el ichiga ana shundayin kirib oladilar-da, asl maqsadlariga oʻtadilar...

24

Qizaloqlar qoʻgʻirchoq-qoʻgʻirchoq oʻynadi.

Mohichehra bolasini maysalar uzra yotqizdi: bolasini beshikka beladi. Bolasi uzra enkaydi, bolasini emizdi. Bolasini allaladi:
— Alla, bubagim, alla-yo, totli bubagim, alla-yo...

Qimmat momo yer ostidan Oymomoga nazar soldi.
— Yurak-bagʻring kuyib ketayotgandir, Oymomo? — dedi.

Oymomo miq etmadi.

Qimmat momolar birovlar muvaffaqiyatini koʻrsa... ichini it tirnaydi. Oʻz yogʻiga oʻzi qovuriladi. Jizgʻanak boʻladi. Kuyib kul boʻladi.

Oqibat, qildan qiyiq qidiradi. Qandayin yoʻl bilan boʻlsa-da, oʻzgalar muvaffaqiyatini kamsitadi. Oʻzgalar muvaffaqiyatini yerga uradi. Mohichehra allasa-da, bolasi uxlay bermadi.
— Yum koʻzingni, yum, — dedi Mohichehra. — Uxlamaysanmi-uxlamaysanmi? Uxlamasang, sadqayi sarim-a. Hamsoya, huv hamsoya!

Chaqalogʻini yoʻrgaklamish Muqaddas javob berdi:
— Huvv! Kim u, bemahalda qichqirgan? Hay, sizmisiz, Mohichehra hamsoya? Men kim emish debman, — dedi.
— Anavi injiqni uxlatolmay sarsonman-da, hamsoya, — dedi Mohichehra. — Puchugʻingizni yuboring, picha beshik tebratib tursin. Men suvga borib kelayin, hamsoya.
— Puchugʻim maktabga ketib edi, hamsoya. Boʻlmasa jonim bilan yuborar edim.

Qimmat momo tizzasiga shapatilab vovaylo qildi.
— Uf-f-f! — dedi. — Farzandsizligi qursin-a, befarzandligi quribgina ketsin-a!

Oymomo rangi boʻzardi, Oymomo yuzini yerga egdi.

Qimmat momolar yomonlardan xolis-xolis yuradi, yomonlardan olis-olis yuradi. Yomonlarni koʻrsa... qochadi! Yomonlar bilan horiqulodda yoʻliqib qolsa... Girdikapalak boʻladi, shirinsuxan boʻladi, shirinzabon boʻladi!

Qimmat momolar yomonlardan xolis-xolis yuradi, yaxshilarga osiladi, yaxshilarga sim taqadi. Yaxshilarni sassiq-sassiq gaplar bilan chimchilab-chimchilab oladi. Yaxshilarni zahar-zahar gaplar bilan oʻyib-oʻyib oladi.

Yaxshilarda yaxshidan-yaxshi fazilat nima? Xudo bermish yuksaklik nima? Xudo bermish ulugʻlik nima?

Qimmat momolar aynan ana shularni yoʻqqa chiqarish payida boʻladi!

Masalan, pokdomon odam borasida nopok gap tarqatadi. «Iflos odam!» deydi. Donolar donosi borasida nodon gap tarqatadi. «Picha kamroq», deydi. Haloldan-halol odam borasida harom gap tarqatadi. «Buzuq odam!» deydi.

Gapirganda-da, gʻoyat ustamonlik bilan gapiradi. Soddadil qiyofada gapiradi, begʻubordil qiyofada gapiradi. Yuzlari jonkuyarday boʻladi, koʻzlari mehribonday boʻladi.

Qimmat momolar topib-topib gapiradi!

Muqaddas chaqalogʻi iyagiga barmogʻini nuqib-nuqib erkalatdi. Nuqib-nuqib suydi:
— Chu-chu-chu, shakar bubagim, novvot bubagim, chu-chu-chu. Iyagida chuqurchasi-da bor, asal bubagimning, chu-chu-chu. Xolangga qarab bir kul. Kul, kul! Xola, meni kelin qilmaysizmi, de.

Mohichehra oʻpka-gina qildi:
— Seni kelin qilmayman, — dedi. — Kelganimda biron marta-da kulmaysan. Qobogʻingdan qor yogʻilib turadi.
— Kelin qilmaganingizni-da koʻrayin, xola. Hali oʻgʻlingizning boshini shunday aylantirayin-shunday aylantirayin...

Qimmat momo tagʻin tizzasiga shapatilab-sha-patilab kuyinchaklik qildi.
— Uf-f-f, shuginalar ena boʻlgisi kelmasa-ya, Oymomo, shuginalar-a! — dedi.

Oymomom Qimmat momo gapini eshitib-eshitmaslikka oldi. Miq etmay joyidan turdi. Ayollar tarafga yurdi.

Qimmat momo Oymomo ketidan qarab-qarab qoldi.

Qimmat momo murod-maqsadiga yetolmadi. Gapi nishonga tegmadi. Tegsa-da, chala tegdi.

Qimmat momo endi indamay keta beradimi? Yoʻq, indamay keta bermaydi. Bordi-yu, indamay ketsa... tobi qochib qoladi! Yegani-da tatimaydi, ichgani-da tatimaydi. Aza tutadi!

Oymomo yomondan qoch-da qutul, yo, ton-da qutul, deya ketdimi?

Ketadi-ya, ketadi! Ketganini-da koʻradi!

Qimmat momo hali murodiga yetadi, hali huzur qiladi...

25

— El-xalq adir-qirlarga oqib-oqib kela berdi.

Nima uchun el-xalq aynan adir-qirlarga kela berdi?

26

Emishki, bir Buqa boʻlar emish. Buqa podada yurajak buqalardan emas emish.

Buqa... Muqaddas Buqa emish!

Muqaddas Buqa samo nur-ziyolardian yaratilgan emish.

Muqaddas Buqa shoxlari-da shunchaki suyak emas emish. Muqaddas Buqa shoxlari.. oltindan emish! Muqaddas Buqa tuyoqlari-da shunchaki tuyoqlar emas emish. Muqaddas Buqa tuyoqlari... kumushdan emish!

Muqaddas Buqa bir oʻzi yurmas emish. Muqaddas Buqa bir aravani tortib yurar emish. Muqaddas Buqa aravasida... oy ortib yurar emish!

Muqaddas Buqa odamzotga koʻrinmas emish! Hamisha koʻzdan pana boʻlib yurar emish. Shu boisdan Muqaddas Buqani koʻrish gʻoyatda mushkul emish.

Muqaddas Buqa qayerlarda koʻrinish berar emish? Falakda koʻrinish berar emish. Ufqda koʻrinish berar emish.

Muqaddas Buqa nima karomat koʻrsatar emish?

Qaysi inson Muqaddas Buqani bir koʻrsa boʻldi, oʻsha inson xohish-irodalari ijobat boʻlar emish! Bor orzu-umidlari bajo boʻlar emish!

Muqaddas Buqa shunchaki bir koʻrinib keta bermas emish-da. Bordi-yu, inson nazariga tushib qolsa... Muqaddas Buqa... boʻkirar emish!

Muqaddas Buqa bir bor boʻkirsa... yil behosil kelar emish. Ekin-tikindan qut-baraka ketar emish. Oqibat, tanqischilik boʻlar emish...

Xudo yorlaqab, Muqaddas Buqa ikki bor boʻkirsa... yil serhosil kelar emish, yil sermahsul kelar emish. Toʻkin-chochinlik boʻlar emish...

27

El-xalq ana shu Muqaddas Buqani bir koʻrish orzusida adir-qirlarga sayillab kelar emish!

Boisi, adir-qirlar yuksak-da! Osmon-u falakka yaqin-da.!

Osmon bilan ufq adir-qirlardan kaftday koʻrinib turadi-da!

28

Ayollar oʻynay berdi-oʻynay berdi. Oxir-oqibat, holdan toydi.

Ilik uzildi vaqti-da!

Shunda, Xursandoy otli polvonqomat bir ayol davra kirdi. Ayollarni bitta-bittadan oʻyinga tortdi. Oʻzini ketiga tashlovchi ayollarni qoʻltigʻidan dast koʻtarib davra olib keldi.

Xursandoy qaysiki ayolni davra olib kelsa, oʻsha ayol bilan qoʻshilib-qoʻshilib oʻynadi. Horish-charchash nimaligni bilmadi.

Xursandoy uch yasharligida otadan sagʻir qoldi. Onasi boshqa er qildi. Xursandoy oʻgay ota qoʻlida katta boʻldi. Shu bois, suyagi mehnatda qotdi. Oqibat, polvonsuyak boʻldi!

Qimmat momo oʻyladi-oʻyladi, ana shu gapni topdi!
— Boʻy-bastini qarang... Ming qilsayam... ikki erkakning zurriyoti-da... — deya sasidi.

Buni eshitmish Xursandoy fe’li aynidi. Koʻnglidagi sayil xushvaqtligi, sayil xurramligi xufton boʻldi.

Qimmat momoga olayib-olayib qaradi. Ammo yomon gapirmadi.

Oʻynab gapirsang ham, oʻylab gapir!

Navroʻzda yomon gapirib boʻlmaydi!

Navroʻz haminqadar shod-xurramlikda oʻtsa, haminqadar xush-xushvaqtlikda kechsa...

Yer-u falak-da haminqadar saxiy boʻladi!

Osmon-u falakdan moʻl-koʻl yomgʻir yogʻadi!

Yer-u zamin-da boʻliq-boʻliq hosil beradi!

El-yurt kelajak Navroʻzgacha xush-xushvaqtlikda kun koʻradi, rohat-farogʻatda kun koʻradi!

Xursandoy davraga koʻz soldi-koʻz soldi, ayollar orasida mungʻayib oʻtirmish Oymomoni koʻrib qoldi. Oymomoni davra yetaklab keldi.

Oymomo oʻzini keyiniga tashladi.
— Men oʻyinni bilmayman! — deya zorlandi.
— Nima, biz oʻyinni bilamizmi? — dedi Xursandoy. — «Bahor» ansamblida oʻynab kelib edikmi?

Oymomo roʻmoli uchlarini yelvagay qildi. Barmoqlarini lablari bilan namladi.

Oymomo nozlanib-nozlanib oʻynadi. Barmoqlarini qirsillatib-qirsillatib oʻynadi. Shunday xushroʻy oʻynadi-shunday xushroʻy oʻynadi!

Davra joʻshdi, davra:
— Kishtala-kish, kishtala-kish, kishtala-kish! — deya chapak chaldi.

Qimmat momo Oymomo oʻyiniga qaradi-qaradi-da, oʻzicha bosh irgʻadi.
— Shunday xushroʻy ayol tirnoqqa zor-a, tirnoqqa-ya! — dedi.
— Unday demang-e, — dedi bir momo.
— Kuyganimdan gapiraman-da, Sora momo, kuyganimdan! — dedi Qimmat momo. — Boʻlam-da, ming qilsayam, boʻlaginam-da!
— Boʻlangiz boʻlsa-da, demang!

Qimmat momo darrov gapni burdi. Birdan... hiring-hiring kuldi.
— Hazil-da, Sora momo, hazil-da. Hazil gapniyam bilmaysizmi! — dedi.

Qimmat momo oʻxshatib-oʻxshatib vovaylo qildi:
— Uf-f-f! — dedi. — Xudo itga bergan tirnoqni, bitga bergan tirnoqni nima qilardi deng, shu boʻlaginamgayam bersa!

Yer yorilmadi, Oymomo yerga kirib ketmadi!

Boshi uzra oʻynatmish qoʻllarini ohista-ohista tushirdi. Kaftlari bilan yuzlarnii bekita-bekita, davradan chiqib joʻnadi.

Navroʻzlari zahar-zaqqum boʻldi! Navroʻzlari burnidan buloq boʻldi!

Ufq qorayib-qorayib keldi. Qop-qora bulutlar koʻpirib-koʻpirib toshdi. Bulutlar toshib-toshib keldi, bulutlar yoyilib-yoyilib keldi.
— Ana, kelayapti, ana, — dedi el.

Kelajak Muqaddas Buqa boʻldimikin? Koʻpirib toshmish qop-qora bulutlar Muqaddas Buqa aravasi gʻildiraklari ostidan oʻrlayaptimikin?

Qop-qora ufq guldur-guldur etdi, qop-qora ufq gumbur-gumbur etdi.
— Keldi, ketdik, keldi! — dedi el.

Guldur-guldur etmish Muqaddas Buqa aravasimikin? Muqaddas Buqa aravasini taraqlatib-taraqlatib haydab kelayaptimikin?

Qop-qora ufq yarq-yurq etdi, qop-qora ufq yalt-yalt etdi.

Muqaddas Buqa aravasi gʻildiraklari togʻ-toshlarga urilib-urilib, chaqin chaqyaptimikin? Yo Muqaddas Buqa kumush tuyoqlari chaqir toshlarga tegib-tegib, oʻt chaqnayaptimikin?
— Hozir yomgʻir yogʻadi! — dedi el.

Qop-qora bulutlar ichra oppoq bir nima bir yoʻqoldi-bir koʻrindi. Muqaddas Buqa aravasida ortib yurmish oy qalqib-qalqib kelayaptimikin?

El-xalq uy-uyiga tarqaldi.

Navroʻzchilar koʻngli koʻklam boʻldi.

Oymomo koʻngli... hamon qish boʻldi!

III

Oy toʻlishib qoldi.

Yoz oydini oppoq boʻldi.

Falak kavkabiston boʻldi.

Kavkabistonda bir yulduz yulduzzor oralab sayr etdi. Bu, yer yoʻldoshi boʻldi.

Olis-olislardagi chiroqlar yulduzlarday miltilladi.

Adir biqinidagi bahaybat yongʻoq barglari mungli shitirladi. Chigirtkalar chirilladi...

Bir qush zardoli shoxlarini shitirlatib-shitirlatib uchdi.

Yoʻngʻichqapoyada otlar kirt-kirt oʻtlaydi.

Otlar pishqirdi, otlar kishnadi.

Otlar tarsillatib-tarsillatib yer tepindi.

Tun jarchisi boyoʻgʻli uzib-uzib ovoz berdi.
— Momosi, shu tevarakda odam bor shekilli... Momosi, hovlimizdagi zardolilar suvga choʻlp-choʻlp tushadi. Zardolilarni koʻchada bolalar ushlab yeydi...

1

Oqshom vaqti Oymomo onamiz tosh bilan katak ogʻzini yopdi. Katakka choʻnqayib oʻtirdi.

Shunda, endi toy-toy boʻlmish uloq bir yiqilib, bir turib kela berdi. Quloqlarini qoqaman deya, tagʻin bir yiqilib turdi.

Oymomo onamiz zavqlanib kuldi. Oʻng qoʻlini uloqqa choʻzdi. Barmoqlarini oʻynatdi. Uloqni oʻziga chorladi:
— Kel, chigi-chigi-chigi. Kel, toy-toy-toy.. — dedi.

Uloq Oymomo onamiz barmoqlarini yaladi. Murgʻak-murgʻak boqdi.

Uloqqa termulib oʻtirmish onamiz xayoliga endi tetapoya boʻlmish goʻdak keldi...

Shu vaqt daricha gʻiyqillab ochildi. Bola koʻtarib olmish Robiya hamsoyasi keldi.
— Ay, hamsoya, elagingizni berib turing. Bizniki teshilib qolibdi, — dedi.

Oymomo onamiz oshxonadan elak olib kelib berdi.

Robiya hamsoyasi supaga choʻk tushdi.
— Yo, pirim, picha damimni olayin, — dedi.

Keyin, eshitmish-bilmish igʻvolardan gapirdi. Ta’bi xushlamovchi ayollar gʻiybatini qildi.

Elakka bormish ayolning ellik ogʻiz gapi bor, boʻldi!

Ichini boʻshatib ketdi. Xiyoldan keyin tagʻin keldi.
— Ay, hamsoya, esim qursin, xiyol boʻlmasa esimdan chiqayin, debdi, — dedi. — Xoldon momonikiga sumalakka boring. Ayollar sizni kayvoni boʻlsin deyapti, vaqtliroq boring.

Oymomo onamiz ich-ichidan suyundi. Boisi sumalak qoʻyuvchi-da, sumalakka kayvonilik qiluvchi-da, gʻoyat pokiza ayol boʻlmogʻi lozim boʻladi.

«Meni lozim koʻribdilarmi... menginani lozim koʻribdilarmi, — demak el nazarida farishtali ayol boʻlibman-da? — deya xayollandi onamz. — Shukur, Yaratganning oʻziga shukur, ishqilib, el savobini olar boʻlibman...».

Oymomo onamiz sumalak kayfiyatida eshik-orani supurdi. Sumalak zavqida tirikchiligini qildi.

Qoplon otamiz daladan kelib, sumalak daragini eshitdi.

Ha-a, binoyi, — dedi , — menga-da sumalak olib kelasanmi?
— Bu kishiga olib kelmay, kimga olib kelaman, — dedi onamiz.

Oymomo onamiz roʻmolga bir misqol bugʻdoy tugdi.

Sumalakka yoʻl oldi.

2

Sumalak qayerda qoʻyildi?

Sumalak odam nazari tushmovchi joyda qoʻyidi.

Zaxdan-zaxe joyda qoʻyildi.

Nur-ziyosiz, shomol-havosiz joyda qoʻyildi.

Qurt-qumursqasiz, kalamush-sichqonsiz joyda qoʻyildi.

Ertoʻla ana shunday joy boʻldi!

Toʻrt-besh misqol bugʻdoy namlab-namlab yoyildi.

Bir haftalarda bugʻdoy koʻm-koʻk maysa boʻlib undi. Koʻm-koʻk maysa boʻlib oʻsdi.

Maysalar bir-biri bilan ayqashib-ayqashib qoldi. Bir-biri bilan zichlashib-zichlashib qoldi.

Maysalar betiga doka yopib-yopib qoʻyildi.

Vaqti-vaqti bilan doka olib-olib turildi.

Maysalarga suv sepib-sepib turildi.

Maysalarga oftob nuri tushirib-tushirib turildi...

Sumalak maysa Navroʻz ramzi boʻldi!

3

Xoldon momo ana shu maysalarni keliga soldi.

Oymomo onamiz maysalarni kelida tuydi. Koʻp-koʻp tuydi, xoʻp-xoʻp tuydi.

Maysalar shira boʻldi. Maysalar shira berdi.

Oymomo onamiz maysalar bermish shiralarni suvli toboqlarga soldi.

Shira suvda asta-asta eridi. Suv bilan aralashdi.

Oymomo onamiz shirali suvni sumalak qozonga soldi.

Ayollar sumalaklab kela berdi.

Yettita ayol boʻldi, toqlik boʻldi.

Juftlik boʻlsa ma’qul boʻladi.

Ayollar tagʻin kimni taklif etishni maslahatlashdi. Gap aylandi-aylandi, oxiri, Munavvar otli ayolga borib taqaldi.
— Beti qursin, betidan buzilsin!

Bu gapni Xoldon momo aytdi.

Ayollar birdan sergak boʻldi. Bir-biriga qaradi. Oʻzgacha qaradi, ilmoqli qaradi. Birin-ketin bosh irgʻadi.
— Aytganingiz kelsin! — dedi.

Boisi, elda Munavvar suyugʻoyoq ayol, demish gap oralab yurdi...

Sumalak ana shunday ulugʻ ham e’tiqodga molik taom boʻldi!

Ayollar olib kelmish unlarini sumalak qozonga soldi.

Keyin, sumalak qozon girdida davra qurdi. Gurung berib-gurung olib oʻtirdi.

Onasiga ergashib kelmish bolalar uy tevaragida chopishib oʻynadi. Bir-biri bilan aytishib oʻynadi, janjallashib oʻynadi.

Janjalga onalari aralashdi. Oʻzaro sen-menga bordi.

«Men boʻlsam, aralashmasdim, — xayollandi onamiz. — Bola degani bir begunoh banda-da. Bugun urishadi, ertaga yarashadi».

Oymomo onamiz doʻlanaday-doʻlanaday kelmish yettita toshni yuvib-chaydi. Qozonda qaynamish sumalakka soldi.

4

Emishki, foniy olamda bir onaizor boʻlibdi. Onaizor oʻz oti oʻzi bilan zor ona boʻlibdi. Bechoradan bechora boʻlibdi. Gʻaribdan-gʻarib boʻlibdi.

Xudoyim xudovando onaizor rizq-roʻzini bermabdi-da, nasibasini bermabdi-da!

Ammo xudoyim xudovando onaizor pushtini beribdi! Onaizor qoʻsha-qoʻsha farzandli boʻlibdi! Farzandlari bir etak boʻlibdi!

Bir oqshom bolalari qoʻllarini choʻzib:
— Xoʻrak, ena, xoʻrak! — deya zorlanibdi.

Onaizor yenglarini turibdi.
— Bolalarimga mazali taom qilib berayin, — debdi.

Oʻchoqqa oʻt yoqibdi. Qozon osibdi.

Oʻt yona beribdi, qozon qiziy beribdi.

Shunda, onaizor qozonga nima solishni bilmabdi. Uy-ichini qarabdi. Tevarak-boshni qarabdi. Qozon qaynatish uchun biron-bir nima topolmabdi.

Norasidalari boʻlsa, xoʻrak, deya zorlanishini qoʻymabdi. Xoʻrak deya yigʻlay berib-yigʻlay berib, uxlab qolibdi.

Onaizor och-nahor uxlab yotmish goʻdaklariga termulib oʻtiribdi. Oʻtirib-oʻtirib, koʻngli buzilibdi. Oʻz taqdiridan kuyibdi.
— Yoʻqchiligi qursin-a, yoʻqchiligi-ya! — deya qon-qon yigʻlabdi.

Goʻdaklar azonda uyqudan turadi. Ochdan-och boʻladi. tagʻin taom, deydi. Xoʻrak, deya yigʻlaydi...

Onaizor ana shu qaygʻuda timirskilanib yuribdi-yuribdi. Qozon qaynatish uchun tagʻin biron nima topolmabdi.

Shunda, mayda-mayda toshlarga koʻzi tushibdi. Shu toshlardan yettitasini sanab olibdi. Toboqda yuvib-yuvib tozalabdi. Toboqdan qozonga solibdi.

Onaizor nahorda qozon qopgʻogʻini olib qarasa, qozon toʻla taom boʻlibdi!

Taom oti — sumalak boʻlibdi!

Shu-shu, sumalak Navroʻz taomi boʻlib qolibdi!

5

Shunday qilib, toshlar sumalak boʻlib qaynay berdi.

Tun ogʻdi.

Gurunglar-da ado boʻldi.

Bir ayol urchuq yigirdi, bir ayol paxta chigitladi.

Shunda-da, sumalak tonglari otmadi!

Shunda, Xoldon momo aytdi:
— Kelinglar, topishmoq aytamiz, — dedi.
— Xoʻp binoyi gap, — ma’qulladi ayollar.
— Oʻzimizning gurungma-gurung yuradigan topishmoqlardan aytamiz.

El ogʻzida yurmish topishmoqlardan aytish boshlandi.

Aytishuvni Xoldon momo boshlab berdi.
— Men aytsam, uzun-uzun oʻz ketdi, uzun boʻylik qiz ketdi — qasavasi qarsillab, manglayi yerga tarsillab. Bu nima?
— Oʻrmak.
— Kichkina qozonning oshi shirin.
— Yongʻoq.
— Bukri momom buk etdi, yugurib uyiga kirib ketdi.
— Sichqon.
— Anavi togʻdan qaragan, manavi togʻdan qaragan, oʻzimga yarashar deb, balxi roʻmol oʻragan.
— Buzoqboshi.
— Aka-uka bir yashaydi, bir-birini koʻrmaydi.
— Koʻz.

Ayollar tinimsiz oʻt yoqib turdi, tinimsiz oʻt kovlab turdi.

Boisi, oʻt hovuri xiyol pasaysa... sumalak ayniydi!

Sumalak ana shunday nozikta’b taom boʻldi!
— Chin qushim, chinni qushim, chin tepaga chiqdi qushim, ogʻzidan bol uzatib, xalqqa salom berdi qushim.
— Samovar.
— Togʻni talaydi.
— Bolta.
— It emas, irillamas, odam emas, uyga qoʻymas.
— Qulf.
— Yilting-yilting chirogʻim, yiltillaydi chirogʻim, gavhardan koʻp qadri, qadrdonim chirogʻim.
— Koʻz.
— Uydamisan, marjon, eshikdamisan, marjon, oyoq-qoʻling koʻrinmas, qulfdamisan, marjon.
— Oʻtov uyi ogʻichi.
— Tuzi yoʻq oshni koʻrdim.

Bari ayol oʻyda qoldi! Birov, u dedi, birov, bu dedi. Birov-da topolmadi!

Shunda, ushbu topishmoqni aytmish Oymomo onamiz huzurlanib-huzurlanib kuldi. Tizzasiga urib-urib kuldi. Ketiga chalqayib-chalqayib kuldi. Kula kula, qoʻli bilan sumalakni koʻrsatdi.

Tuzi yoʻq osh — sumalak boʻldi!

6

Sumalak tonglari olis-olis boʻldi.

Ayollarni uyqu elitdi.

Uyqu Oymomo onamizni-da olib-olib ketdi. Ammo onamiz mijja qoqmadi. Kayvoni ayol boʻlib, sumalak boqib oʻtirdi.

Oymomo onamiz sumalak boqib-boqib, sumalak tonglarni oqladi!

Oymomo onamiz choʻmich bilan yogʻoch toboqlarga sumalak suzdi.

Ayollar uyma-uy yurib, sumalak tarqatdi.

Katta-yu kichik — barcha-barcha sumalak yaladi!

Emishki, insonda ming bir ikki dard boʻladi. Sumalakdan bir yalamish inson tanasi qirq xil darddan forigʻ boʻladi!

7

Oymomo onamiz bir choʻmich sumalak oldi. Uyiga ravona boʻldi.

Shahodat barmogʻi bilan Qoplon otamizga sumalak yalatdi.

Oymomo onamiz jisman-da dadil boʻldi, ruhanda dadil boʻldi.

Umidlari uchqunlandi!

«Sumalak tonglarida mijjamni-da qoqmadim! — oʻzidan minnatdor boʻldi onamiz. — Gunohlarim bor boʻlsa, ana shu gunohlarimdan forigʻ boʻldim. Gunohlarim yoʻq boʻlsa, unda, tagʻin-da pokiza boʻldim. Bir dunyo savobga qoldim. Ana endi umidlarim ushaladigan boʻldi...».

8

Oymomo onamiz odaticha tong saharlab turdi.

Tirikchiligini qildi.

Uy derazalarini ochdi. Eshik-orani supurdi.

Darvoza zanjirini tushirdi. Ityaloqqa ovqat quydi. Katak ogʻzidagi toshni oldi. Mollarga qaradi. Sigir sogʻdi.

Sutni dokadan suzib oldi. Keyin, toboqqa quydi. Chumolidan hadiksirab, simhalinchakka osdi.

Brigadir koʻchadan ovoz berib-ovoz berib oʻtdi.

Onamiz choy damladi. Dasturxon burchiga bostirdi.

Qoplon otamiz-da uygʻondi.
— Brigadir bozor kuniga bogʻga aytib ketdi, — dedi onamiz.
— Ha-a. Qayerga borish kerak ekan?
— Achchiq zardolizorga.
— Xoʻp xushxabar aytding. Suyunchi bersammikin...
— Xushxabar quridi, shu qoldimi. Qoʻlning shoʻri.
— Xina qoʻy.

Onamiz yuzlari yorishdi.
— Yaxshi aytdi, chin aytdi, — dedi.

Choy-ta’tildan keyin onamiz omborxonadan bir siqim quruq xina olib keldi. Suvga botirib ivitdi. Keyin, yogʻoch keliga soldi. Qayroqtosh bilan maydalab tuydi.

Oymomo onamiz kechasi yotish oldidan otamiz kaftlariga xina qoʻydi. Kaftlarini yumdi. Girdini tugilmish tok barglari bilan yopdi. Barg ustidan gardi roʻmol bilan oʻrab bogʻladi.

Qoplon otamiz ertalab qoʻllarini ochib koʻrdi.

Kaftlari qip-qizil xina boʻldi!

Xinalik kaftni ketmondasta urmaydi!

Onamiz galdagi kechada-da otamiz qoʻllariga xina qoʻyajak boʻldi.

Otamiz qoʻl siltadi.
— Hali, qoshimga-da oʻsma qoʻyarsan? Bor-e! — dedi.

Onamiz hiring-hiring kuldi.
— Oʻz tani sogʻligini oʻylasin, xoʻp desin.

Onamiz, otamizni bemahalgachayin avradi. Oxiri koʻndirdi.

9

Otamiz bilan onamiz ertalab bogʻot otlandi.

Onamiz yoʻlda aytdi:
— Oʻsh degich yerda bir tabib bor emish... — dedi.
— Vaqt qani, momosi. Ish boʻlsa qaynayapti.
— Brigadirdan soʻrasin-da.
— Odamda bet boʻlishi kerak-da momosi. Shuncha yuramiz, brigadir bir ogʻiz ogʻir gapirmaydi.
— Yana tagʻin, mehnat kuni yozadi.
— Ha-a, otangga rahmat.
— Bormasak boʻlmas, koʻp zoʻr tabib deyishyapti.
— Unda, keyinroq boramiz. Boʻlmasa, eldan uyat, momosi. El, ishga bir kelib, bir kelmay yurishimizni koʻrsa, ishdan beli soviydi. Yana tagʻin, elning oʻgʻil-qizlari-da maktabdan keyin ishga keladi, momosi... Nasib boʻlsa, Xushvaqt kelsin, oʻzimiz bilamiz, momosi...
— Nasib boʻlsa, bovasi...

10

Brigadir aytmish achchiq zardolizor ostida otdan tushdilar.

Otamiz xurjunini zardoli shoxiga ildi. Belni yelkasiga qoʻydi. Tokzor oralab yurdi. Dehqonlar qoralab yurdi.
— Hormanglar-ov! — dedi.
— Bor boʻling-ov! — dedi dehqonlar.

Otamiz bildi, xiyol hayalladi. Shu bois, hadahalab yurdi. Chetdan bir joʻya oldi. Apil-tapil ish boshladi.

Onamiz otamiz qabatida ishladi.

Dehqonlar oralab yurmish hisobchi ovozini qoʻyib aytdi:
— Kelardingiz-da, Qoplon aka! Tushdami, yo, ish oxiridami!

Oymomo onamiz uyaldi. Yuzlarini yashirdi.
— Yuzingizni yashirmang, Oymomo opa, men sizga aytyapman!
— Endi boʻlmaydi-e... — koʻr ovozda dedi otamiz.

Hisobchi otamiz bilan onamiz boshiga keldi. Qoʻllarini orqasiga qilib turdi.
— Va’dalaringizni qopga solib ortsa, ot koʻtarolmaydi! Boʻldi-da, endi!
— Ayb bizda, hisobchi, ayb bizda!
— Nima, uyingizda yigʻlab qoladigan bolangiz bormidi?!

Qoplon otamiz tok tomiriga egilmish koʻyi qoldi. Qaddini rostlashini-da bilmadi, rostlamasinida bilmadi. Tok tomirlarida gʻimirlamish sariq chumolilarga tikilib qoldi.
— Qaytanga bolalilar oʻz vaqtida kelayapti! Ana, Xumor, Sanamlar! Bari qoʻsha-qoʻsha bolalik ayollar!

Oymomo onamiz belni yerga qadadi. Oʻng bilagini beldasta uchiga qoʻydi. Peshonasini bilagiga qoʻydi. Yuzlarini bekitdi...

Qoplon otamiz onamiz holidan tagʻin-da ezildi, tagʻin-da kuydi. Qaddini rostlamay, yer ostidan hisobchiga qaradi. Bu qarash mana bunday dedi:

«Ay, musulmon, peshonangda ayolimiz turibdiki. Mayli, meni oʻylama, shu poshikastani oʻylab gapir...»
— Koʻp oʻqraymang, Qoplon aka! Men sizga yomon gapirayotganim yoʻq! Men qonun boʻyicha gapiryapman!

Qoplon otamiz koʻzlari pir-pir etdi.

«Qonuning kallangni yesin, hisobchi, kallaginangni yesin...».

Qoplon otamiz hisobchidan koʻzlarini oldi. Tok tomirlariga yuz burdi.

Shu vaqt, besh-olti joʻya narida ishlamish Hasan bobo ovoz berdi:
— Ay, hisobchi! — dedi. — Ogʻzim bor deb karillay berasanmi, boʻldi-da!
— Oʻzingiz oʻylang-da, Hasan bova! — dedi hisobchi. — Anavi Sanam bilan Xumorning egiz bolasi bor, egiz! Shunday boʻlsayam, oʻz vaqtida ishga keladi! Oymomo opaning anavi beldastadan boshqa nimasi bor?!
— Bolasi bormi-yoʻqmi, u, sen bilan bizning ishimiz emas, u, Yaratganing ishi, hisobchi!..
— Er-xotinning qornidan boshqa qaygʻusi yoʻq! Yana tagʻin, ishga kechikkani kechikkan!
— Boʻldi-e, koʻp karillama-e!
— Bolalik boʻlsayam mayli edi! Bolasini emizadi deymiz, bolasini allalaydi deymiz! Bular kimni emizadi, bular kimni allalaydi?! Er-xotin bir-birovini allalaydimi?! Er-xotin bir-birovini emizadimi?!

Qoplon otamiz qalqib ketdi! Yuztuban yiqilayin-yiqilayin, dedi!

Bovujud, beldastaga suyanib qoldi. Beldasta ushlamish barmoqlari qalt-qalt etdi.

Shahd bilan qaddini rostladi. Olislab ketmish hisobchi ketidan qaradi. Tish gʻijirlatib-tish gʻijirlatib qaradi.

Qoplon otamiz tok joʻyani ishladi. Tok ostini aylana qilib kovladi. Tok belida unib chiqmish patak tomirlarni yulib tashladi. Qari toklarni kundakov qildi.

Oymomo onamiz tok pushtani ishladi. Novdalar uchini sugʻurdi. Novdalarni iloji boricha yuqori koʻtardi.

Boisi, novdalar yerda tursa, oyoq tega beradi, kiyim oʻngirlari ilasha beradi. Oqibat, novda pindiqlari uchib ketadi.

Hosil esa, ana shu pindiqlarda boʻladi!

Otamiz bilan onamiz gʻarq terga botdi.

Otamiz koʻylagi yelkalariga jiqqa yopishdi.

Onamiz entikib-entikib nafas oldi.

Kun qiyolab-qiyolab botdi.

Ishdan qaytar vaqt boʻldi.

Hisobchi dehqonlarga aytdi:
— Ertaga vaqtliroq kelinglar! Salqinda ish unadi! — dedi.

Joʻna-joʻna boʻldi.

Nurmat koʻsa tevaragiga alang-jalang boʻldi.
— Ay, xaloyiq, mening belimni koʻrmadilaringizmi? — dedi.

Dehqonlar koʻsaga qaradi. Gurillab kuldi.
— Nimaga tirjayasizlar, — dedi koʻsa, — koʻrgan boʻlsalaringiz aytingizlar-da!
— Belingiz bozor ketdi! — deya xaxolab kuldi dehqonlar.

Bir dehqon qoʻli bilan koʻsaning yelkasini koʻrsatdi.

Nurmat koʻsa yelkasiga qarab, oʻzi-da xaxolab kulib yubordi. Boisi, koʻsa belini yelkasiga qoʻyib, dastasidan ushlab turdi!

Dehqonlar shu qadar charchadi!

11

Kolxoz otamiz bilan onamizga pilla berdi.

Pillachi agronom bir kaft urugʻ olib keldi.

Urugʻlar yoʻngʻichqa guliday-guliday boʻldi. Joni yoʻq boʻldi.

Onamiz urugʻlarni hovlidagi soʻriga yoydi.

Bir quti pilla ikki odamga ogʻirlik qiladi.

Shu bois, otamiz brigadirdan tagʻin bir odam soʻradi.

Brigadir Qimmat momoni berdi.

12

Qimmat momo darvozadan qora berdi. Oʻzi gapirib-oʻzi qoʻyib kela berdi:
— Brigadir aytgandan kela berdim. Oʻzimning ulpi-tomirlarim bilan ishlaydigan boʻpman-da, dedim. Aylanayin boʻlaginamdan, oʻrgilayin boʻlaginamdan. Qani, boʻlaginam, xoʻp omonmisiz, xoʻp damlimisiz...

Qimmat momo onamiz bilan qoʻltiq ostidan qoʻl uzatib koʻrishdi.
— Boʻlam-da, ming qilsayam boʻlam-da, — dedi. — Yaxshi koʻraman. Oʻzimcha eslab yuraman. Xudo tirnoqdan qisgan boʻlsayam, oʻzlarining tani- joni sogʻ boʻlsin deyman. Inim qayoqda? Ha-a-a! Uyam koʻzimga yaxshi koʻrinadi. Oʻzimniki-da, oʻzimniki.

Qimmat momo asta tizzasiga urdi. Oʻzicha kuygan boʻldi:
— Uf-f-f, birkam dunyo ekan-da, — dedi. — Mana shu hovlida ikkovgina qorakoʻz burni oqib yursa, kattalar pilla berarmidi! Kattalar bunday qarasa, keng bir hovlida ikkovgina er-xotin bor. Tirnoq zoti yoʻq... Shularga pilla beraylik, degan-da.

Oymomo onamiz yomon vaziyatda qoldi. Nima deyishini bilmadi. Yerga qaradi. Nima qilishini bilmadi. Choʻp bilan yer chizdi.

Qimmat momo bir darvoza tarafga, bir uy tarafga alang-jalang boʻldi. Keyin, ohista gap ochdi:
— Uyginangda hech kim yoʻqmi, boʻlam?
— Yoʻq, nima edi?
— Boʻlalarning gapini birov eshitmasin deymanda boʻlam. Hozirgi zamonning odamlari yomon boʻp ketgan, boʻlam.
— Ayta bering, uy ovloq, ayta bering.
— Soʻramoqdan ayb yoʻq, deydilar... Birov-yarim bilan... bordi-keldi qilib koʻrmadingizmi, boʻlam?

Oymomo onamiz yer chizishni boʻldi qildi. Chizilmish yerga tikilib qoldi. Qimmat momo nima dedi, magʻzini chaqa olmadi.
— U nima deganingiz? — dedi.
— Sodda boʻlamdan-da, soddagina boʻlamdan-da. Sodda koʻp yaxshi-da. Soddalik — koʻngil tozalik boʻladi. Sodda boʻlamdan aylanayin, soddagina boʻlaginamdan oʻrgilayin. Shu... birov-yarim bilan deyman-da... yotib deyman.
— Nima-nima?
— Birov-yarim bilan yotib... oʻzingni bir sinab koʻrmadingmi, deyman...

Oymomo onamiz yalt etib Qimmat momoga qaradi. Onamiz yuzlari lov-lov yondi. Koʻzlari pir-pir etdi.
— Ogʻzingizga qarab gapiring, momo, ogʻzingizga qarab qapiring!
— Ogʻzim qarab gapirsam-gapirmasam-da, boʻlam. Gulday umringni zoe ketkazib nima qilasan, boʻlam...
— Qanday birov-yarim bilan, qanday birov-yarim bilan?! — birdan olov oldi onamiz. — Boshimda haq nikohlik egam turibdi-ku!!!
— Haq nikohlik egangdan yorugʻlik chiqmasa nima qilasan, boʻlam...
— Nima demoqchisiz?! — haminqadar olovlandi onamiz. — A, nima demoqchisiz?!

Qimmat momo ra’ykorchi boʻldi.
— Ana, ferma mudirimiz bor, uyurdagi aygʻirday boʻp yuribdi... — dedi. — U boʻlmasa, ana, brigadirimiz bor, kelbati egiz tugʻdiraman, deb turibdi...

Oymomo onamiz shahd bilan joyidan turdi. Shasht bilan soʻridan tushdi. Kalishini-da kiymadi. Yalang oyoq darvoza tarafga yurdi. Darvoza tavaqalarini lang ochdi. Qoʻli bilan koʻchani koʻrsatdi.
— Keting! — dedi. — Hozir keting!

Qimmat momo joyidan turishini-da bilmadi, turmasini-da bilmadi. Bezrayib oʻtira berdi.
— Eb-ey, yaxshilikka yomonlik! — dedi. — Men seni boʻlam deb aytib edim, boʻlaginam deb aytib edim, eb-ey!
— Men sizga keting, deyapman!
— Eb-ey, men pillaga kelib edim, eb-ey!
— Ketmaysizmi, ketmaysizmi?!

Oymomo onamiz shunday deya, itini chaqirdi:
— Bah-bah-bah, Olapar, bah-bah-bah!

Katak oldida yotmish Olapar chopqillab keldi. Dumini likillatib-likillatib, onamiz oʻngirini iskadi.
— Keting deyapman!! — dedi onamiz. — Boʻlmasa, Olaparni olkishlayman!!

Qimmat momo lik etib joyidan turdi. Kalishini yoʻl-yoʻlakay kiydi.
— Ketayapman, boʻlam, mana, ketayapman! — dedi.

Qimmat momo Olapardan hadiksirab odimladi. Olapardan koʻz uzmay odimladi. Olaparni yonlab-yonlab odimladi. Ketiga qarab-qarab odimladi.
— It yomon, boʻlam, it bilan oʻynashmang, boʻlam! — deya-deya odimladi.

Darvozadan tashqariladi. Qaddini rostladi. Oʻzini erkin oldi. Koʻylak yoqalarini koʻtarib, ichiga tuf-tufladi.
— Ay boʻlam, pillaga qachon kelayin? — dedi.
— Qorangiz oʻchsin-e, sizdaychikin pillachining-e!..

Oymomo onamiz darvoza tavaqalarini qars-qars yopdi. Zanjirini sharaq-sharaq zanjirladi. Keyin, darvoza tirqishidan moʻraladi.

Qimmat momo hamon ostonada turibdi! Avzoyi, tagʻin ichkari kiraman, deyapti!

Oymomo onamiz tevaragiga alangladi. Burchakda yotmish narvonni sudrab keldi. Darvozaga tirab qoʻydi. Qimirlatib-qimirlatib koʻrdi. Xotiri jam boʻldi.

Uyga kirib, oʻzini toʻshakka tashladi.

Xoʻng-xoʻng yigʻladi. Yigʻlab-yigʻlab uxlab qoldi.

13

Oqshom vaqti:
— Qimmat momo kelmasin, — dedi onamiz.
— Nima uchun? — dedi otamiz.
— Beti qursin!
— Boshqa odam yoʻq, momosi. Brigadir shu momoni-da arang berdi.
— Boshqa odam boʻlmasa-da mayli, oʻzimiz eplaymiz.

14

Qoplon otamiz dahlizda soʻri qurdi.

Oymomo onamiz yoʻngʻichqa gullarni soʻriga yoydi.

Kun taftli boʻlsa-da, pechka yoqdi. Havoni pillabop etdi.

15

Bir haftada yoʻngʻichqa gullar jon oldi.

Jonivor boʻlib gʻimirladi.

Pilla boʻlib bargga kirdi.

16

Qoplon otamiz adirdan barg olib keldi.

Oymomo onamiz shoxcha bargini chilpib-chilpib oldi. Pilla urugʻlar uzra yoydi.

Pilla barg yegan sayin bolaladi.

17

Dahlizdagi uch qavat soʻri-da pillaga toʻldi.

Otamiz bilan onamiz oʻzlari yotib-turuvchi uy ashqol-dashqolini tashqari olib chiqdi. Temir soʻriga uydi.

Uyda uch qavatli, uch qator soʻri qurdi.

Bu uy-da pilla bilan toʻldi.

Pilla urugʻlay berdi.

Otamiz bilan onamiz endi mehmonxona jihozlarini tashqari chiqardi. Temir soʻriga qoʻydi.

Mehmonxonada uch qator, uch qavatli soʻri qurdi.

Shunday katta mehmonxona-da pilla bilan toʻlib toshdi.

Boshqa boʻsh uy qolmadi. Yolgʻiz oshxona qoldi.

Otamiz bilan onamiz oshxonadagi qozon-toboqlarni tashqari chiqardi. Temir soʻriga qaladi.

Oshxonada uch qavat soʻri qildi.

Hovlidagi temir soʻri ichkaridan olib chiqilmish ashqol-dashqollar bilan toʻldi.

Tok vayishi osti bargxona boʻldi.

Otamiz bilan onamiz uchun tirikchilik qiladigan joy qolmadi.

Tovuq katagi yonida bir gilamlik boʻsh joy boʻldi. Bu, qishda yoqilib ado boʻlmish gʻoʻzapoya uyumi joyi boʻldi.

Otamiz bilan onamiz oʻtirib-turajak gilamlarini ana shu joyga olib kelib toʻshadi.
— Katak oldi yaxshi-da, — dedi onamiz. — Tovuqlar qoqoqlab uygʻotadi.

Shunday qilib, otamiz bilan onamiz uylari toʻrini pilla uchun berdi. Oʻzlari torvuqlar bilan yonma-yon yotdi.

Pilla birinchi uyquga ketdi.

Ikki kecha-yu ikki kunduzda uyqudan turdi.

Ishtaha bilan barg yeb boshladi.

Pillachi agronom kelib koʻrdi.
— Yaxshi, koʻz tegmasin, yaxshi, — dedi.

Pilla ikkinchi uyquni oldi.

Bunda-da ikki kecha-yu ikki kunduz uxladi.

Bu safargi ishtahalari-da yomon boʻlmadi. Bergan bargni berganday, ilma-teshik qilib yuta berdi.

Pilla uchinchi uyquga ketdi.

Bu safar ikki yarim kecha-yu ikki yarim kunda uygʻondi.

Tagʻin-da barg, barg, dedi.

Qoplon otamiz pilla barg yeyishini koʻrib:
— Yo, tavba-e! — dedi. — Oʻzlari mayda-mayda, chinchiloqday-chinchiloqday boʻlsa, qorinlari qayerda boʻldi ekan...

Soʻrilar osti tariqday-tariqday qora qumaloqlarga toʻldi.

Onamiz qumaloqlarni peshma-pesh tashlab turdi.

Pilla toʻrtinchi uyquga ketdi.

Toʻrtinchi uyquda bir yarim kun-u tun uxladi.

18

Otamiz tagʻin bargga otlandi.

Adirda tut ayrisiga minib shox kesdi. Shox kesa berib qoʻllari toldi.

Tut tanasiga yagʻrin berdi. Vazmin tin oldi. Olislarga qarab oʻtirdi. Koʻzi ketib-ketib oʻtirdi...

Shunda, oq eshakli, oq sallali bir chol ariq yoqalab kela berdi.

Otamiz cholni tanimadi.

Chol tut ostidan oʻtdi.

Otamiz cholni Namoz boboga oʻxshatdi.

Bosh irgʻab, salom berdi.

Ammo chol alik olmadi.

Otamiz sergaklandi. Tanadan mahkam ushladi. Yerga qaradi.

Chol yoʻq...

Yerga sapchib tushdi. Tevarakka alangladi.

Chol yoʻq...

Koʻngliga tahlika tushdi. Yoqasini koʻtardi. Ichiga tuf-tufladi.

Barg ozroq boʻlsa-da, jamlab boyladi. Otiga ortib joʻnadi, ketiga qarab-qarab yurdi.

Xayolida, chol ketidan kelayotganday boʻldi.

Otini loʻkillatib-loʻkillatib haydadi.

19

Uyga kelib, bir boshqa boʻlib qoldi. Parishon boʻlib qoldi. Gʻamgin boʻlib qoldi.

Onamiz molxona tarafdan qoʻzi quvib keldi.
— Manavini ushlab bersa boʻlmaydimi? — dedi. — Bir menga kerakmi, shu roʻzgʻor!

Otamiz qoʻzi quvib ketdi.

Qoʻzi hovlini aylanib chopdi. Xiyol olisda pusib turdi.

Otamiz panalab-panalab bordi. Birdan qoʻzi oyogʻiga qoʻl tashladi.

Qoʻzi ushlatmay qochdi. Devor qoralab hurkib turdi.

«Oʻzi, bu ish yosh bolaning ishi, Xushvaqtning ishi...» — deya xayollandi otamiz.

Otamiz enkayib-enkayib bordi. Qoʻllarini yoyib, qoʻziga qoʻshqoʻllab yopishdi.

Qoʻzi tagʻin ushlatmadi. Dirk etib qochib ketdi.

Otamiz yerga kaftlari bilan borib tushdi. Kaftlari shilindi. Ust-boshlari chang boʻldi.

«Xushvaqt boʻlsa edi, bundaychikin qoʻzini xash-pash deguncha ushlab olar edi...» — Tagʻin xayollandi otamiz.

Otamiz qoʻzini burchakka qamab bordi. Quchogʻini katta ochib bord. Koʻksi bilan qoʻziga tashlandi. Bu safar ushladi.

Qoʻzini koʻtarib borib, qoʻy qoshida quchoqlab oʻtirdi.

Boisi, qoʻzichoq koʻzdan pana boʻlsa, sovliq iymaydi.

Onamiz sovliq sogʻib boshladi:

Qoʻy sogʻaman qoʻshoqda, turey-turey,

Qoʻy ishqi menga yoqqan, turey-turey.

Qoʻy sutini ichganlar, turey-turey,

Kundan-kun shifo topgan, turey-turey...

Sovliq iydi, sovliq qoʻzisiga tumshuq choʻzdi...

Otamiz ketiga tis boʻldi. Qoʻzini sovliqdan xolislatdi.

Otamiz koʻngli biryon boʻldi...

Shu oʻtirish, azza-mazza erkak uchun epmi? Qoʻzi ushlab turish, kap-katta odam ishimi?

Tokaygacha Xushvaqt ishiga-da oʻzi yuradi?..

Sovdi boʻlib sovdirgin, turey-turey,

Sovsa kadi toʻldirgin, turey-turey.

Buncha kuyma, jonivor, turey-turey.

Taqdiringni koʻndirgin, turey-turey.

Sovliq koʻzi devorda yurmish mushukka tushdi. Tagʻin-da berilib iydi. Boisi, sovliq mushukdan qoʻrqadi!

Togʻlarga bor, quv olma, turey-turey,

Sovdi boʻlgin, suv olma, turey-turey.

Bolangning yoʻqligini, turey-turey,

Koʻnglingga ogʻir olma, turey-turey.

Mushuk devordan sapchib tushdi.

Sovliq bir seskandi.

Bolaginang baxtingdir, turey-turey,

Uni olib uxlagin, turey-turey,

Bolalilar ma’rashar-a, turey-turey,

Bolasizlar qarashar-a, turey-turey...

Onamiz joyidan turdi.
— Qoʻzini qoʻyibersa-da boʻladi, — dedi.

Otamiz qoʻzini qoʻyib yubordi.

Katak oldida toʻshalmish gilamga keldi. Bolishga yuztuban tashladi.

Bolish hoʻl boʻldi...

20

Pilla urugʻi ochofat boʻldi!

Onamiz urugʻlar uzra barg yoyib, oʻng-chapiga qaragunicha novdalar shipshiydam boʻlib qola berdi.

Otamiz kecha-yu kunduz barg tashiy berib, tinka-madori quridi. Koʻzi ilinib edi, onamiz tagʻin turtdi.
— Tursin, barg olib kelsin, — dedi.
— Boyanagina olib keldim-ku? Bularing toʻyadimi oʻzi, yoʻqmi?
— Toʻrtinchi uyqudan keyin shunday boʻladi, tursin...
— Koʻzim ilingandan turtasan-turtasan! Anavilaring boʻlsa, ketmon chopib horiganday uxlagani uxlagan! Ikki kunlab uxlaydi, ularingga indamaysan! Uygʻot barini! Boʻldi, izzati!
— Aytmasa-da, endi uxlamaydi.
— Shu oxirimi? Xayriyat-e!..

Otamiz uyquli koʻzlarini uqalab-uqalab turdi. Egar qoshiga arqon oʻrab, bargga otlandi.
— Aytib qoʻyayin, agar yana pilla olaman desang, mendan oʻpkalama! — dedi.

Otamiz boyagi choldan qoʻrqdi. Boshqa bir adirdan barg olib keldi.

Uzun shoxlardan novdalar siyirib-siyirib oldi. Onamizga qoʻltiqlab-qoʻltiqlab tashib berdi.

Oʻzi-da ichkariladi.

Derazalar gilam bilan yopilishidan ichkari qorongʻi boʻldi.

Otamiz deraza tokchasiga oʻtirdi. Yelkasi bilan devorga suyandi.

Shunda bir nima eshitdi. Sergak boʻlib quloq soldi.

Tashqarida shovullab havo yogʻdi. Shovullashidan, maydalab yogʻdi. «Ana endi barg olib kelish qiyin boʻladi. Olib kelsa-da, quritish lozim boʻladi», — deya xayollandi otamiz.

Otamiz soʻrilar aro moʻraladi, onamizni izladi.
— Ay, havo yogʻyapti, eshityapsanmi? — dedi.
— Bekorlarni aytibdi.
— Ana, quloq sol, ishonmasang, ana.

Otamiz dahlizladi. Yorugʻda xiyol koʻz ocholmay turdi. Keyin, tashqari qarab, hayron boʻldi.

Kun charaqlab turdi, yerda bir tomchi-da yomgʻir yoʻq boʻldi.

Angrayib, tagʻin ichkariladi.

Ichkarida hamon shovullab yomgʻir yogʻdi...

Onamiz qorongʻidan kinoyali ovoz berdi:
— Ha, yogʻayaptimikin? — dedi.
— Tashqarida kun chiqib turibdi, momosi. Nimaga unday?

Onamiz piq-piq kuldi.

Otamiz tagʻin oʻtirdi. E’tibor bilan quloq soldi.

Pilla urugʻlar bir vaqtda barg yedi, bir me’yorda barg yedi, yana tagʻin, yoppasiga barg yedi...

Ana shu vaziyatda eshitilmish sirli ovoz, yomgʻir yogʻishiga oʻxshadi...

Sokin, qorongʻi olam boʻldi. Misoli tun boʻldi, yomgʻir maydalab-maydalab yogʻdi: shuvvv...

Soʻrilarda omonat turmish novdalar yerga tap-tap tushdi. Misol, yomgʻirdan namiqmish boʻgʻot shox-shabbasi qirs-qirs sinib tushdi...

Yomgʻir ezib-ezib yogʻdi: shuvvv...

21

Barg tashvishi oxirladi.

Endi, chitir oʻt topib kelish lozim boʻldi.

Otamiz adir otlandi. Toshloqdan oʻtdi.

Adir poyida oyoq ildi. Jilovga erk berdi. Telpagini keyiniga surdi. Olis-olislarga qaradi.

Vaxshivor adirlari turnaqator boʻldi. Qirlari oʻrkach-oʻrkach boʻldi. Oxiri koʻrinmadi.

Adir-qirlar oʻti boʻlganicha boʻldi. Belga urdi. Toʻlqin boʻlib chayqaldi.

Qizgʻaldoq adirlar, qizgʻaldoq qirlar alvon-alvon tovlandi.

Otamiz adirladi, otamiz bahor oraladi.

Dimogʻi turfa islarni tuydi. Bir is shuvoq oʻt isidan boʻldi.

Otamiz bahor oralab bora berdi. Ana shu isni taratmish oʻtni topdi.

Tizza boʻyli, gullari och-sariq oʻt. Tanasi koʻkimtir-oq, barglari mayda-mayda oʻt. Sershox, sertuk oʻt.

Chitir oʻt ana shu boʻldi!

Otamiz chitir oʻt terdi. Tomiri bilan sugʻurib-sugʻurib ola berdi.

Chitir oʻt qoʻl tegishi bilan tagʻin-da oʻtkir is taratdi. Isi dimoqni qitiqladi.

Otamiz otida ikki boylam chitir oʻt ortib keldi. Tom ustida yoyib-yoyib quritdi.

Pilla urugʻlar toʻlishdi. Oʻzini koʻtara olmay qoldi. Oʻzini eplay olmay qoldi.

Oqibat, bargdan qaytdi, bargdan qoldi. Bargdan ters burilib-ters burilib keta berdi.

Pilla urugʻlar karaxt boʻlib-karaxt boʻlib qoldi. Mudrab-mudrab qoldi.

Bu, pilla urugʻining beshinchi uyqusi boʻldi, soʻnggi uyqusi boʻldi.

Soʻngi uyqu toʻrt-besh soatcha davom etdi.

Otamiz bilan onamiz chitir oʻtlarni dastlab-dastlab pilla urugʻlar uzra yoydi.

Pilla urugʻlar chitir oʻtlarga talpindi.

Pilla urugʻ yigiraman desa, joy tanlab oʻtirmaydi. Uchramish joyida yigira beradi.

Unda, ne boisdan pillachilar chitir oʻt terib keladi?

Boisi, chitir oʻt isi pilla urugʻiga xush yoqadi. Pilla urugʻ ana shu isga talpinadi. Ana shu is ogʻushida moʻl-moʻl yigiradi.

Boisi, chitir oʻt quyuq-quyuq tukli boʻladi. Pilla urugʻ ana shu tuklarga moʻl-moʻl yigiradi.

Ana-ana, bir urugʻ talpina-talpina, arang chitirga chiqdi, chitir tanasi boʻylab yurdi. Shoxlar ayrisiga keldi. Oʻziga ma’quliga qarab yurdi.

Novdalar ayrisida joylashib oldi, joyida aylana berdi. Ya’ni, yigira berdi. Har yigirishida oʻzidan ipak chiqardi.

Ipak, chitir oʻt quyuq tuklariga ilashib-ilashib, toʻr boʻldi. Toʻr quyuqlashib-quyuqlashib, boshmaldoqday-boshmaldoqday gʻanak hosil boʻldi.

Oppoq-oppoq pilla ana shunday bino boʻldi!

22

Pilla qoʻyilmish uylardan qoʻlansa hid arimadi.

Hidlar dastidan uylarda oʻtirib-da boʻlmadi, yotib-da boʻlmadi.

Otamiz bilan onamiz bot-bot uy supurdi, bot-bot uy yuvdi. Eshiklar bilan derazalarni lang ochib qoʻydi.

Shunda-da boʻlmadi. Pilla qoʻyilmish uylardan oy-oylab badboʻy hid arimadi.

IV

Bobomiz sergaklandilar. Qaddini koʻtardilar. Chordona qurdilar. Tizzalarini quchoqladilar. Sallasini ketiga surib qoʻydilar.

Yellar zabti bobomiz peshonasiga xush yoqdi.

Otlar kishnagan tarafdan yangi oʻrilmish yoʻngʻichqa isi keldi.

Bobomiz tun jarchisi ovoz bermish tarafga qaradilar.

Odam ovozlaridan darak boʻla bermadi.

Bobomiz oydin olislarga termildilar. Xayoliy ovozda aytdilar:
— Mabodo suvda zardoli oqmay qolsa, bolalar devordan boʻylaydi. Zardoli bering, deyolmaydi. Suv oqib chiqadigan teshikni poylaydi. Shamoli qurgʻur hadeganda boʻla bermaydi. Shunda, bildirmayman-da, oʻzim shamol boʻlaman. Zardolini ohista-ohista silkiyman. Zardolilar duvv-duvv toʻkiladi... Shunda, koʻchadan, ushla, oqib kelayapti, ushla, degan ovozlar keladi...

1

Toltush emish...

Olapar tut soyasida old oyoqlariga tumshuq qoʻyib suvga termular emish.

Devor yoqalab oqmish ariqda bir qizil olma bir koʻrinib, bir koʻrinmay oqib kelarmish.

Olapar quloqlarini dikkaytirib, olmaga ajablanib qararmish.

Yeb boʻlmasligini bilarmish-da, tagʻin oyoqlariga tumshuq qoʻyarmish.

Olapar qabatida qizaloqlar davra boʻlib oʻtirib bosmalim oʻynar emish.

Bir qizaloq gilosday-gilosday beshta tosh ikkitasini oʻng, ikkitasini chap tarafiga qoʻyarmish. Qoʻlida qolmish bir toshni osmonga otarmish. Kafti bilan yerga bir shapatilarmish-da, osmondan kelmish toshni qoʻli yuzasi bilan ilib olarmish. Qoʻli yuzasidan gʻoyat nafis, gʻoyat epchillik bilan qoʻli kaftiga olarmish...

Qizaloq... onamiz qizi emish!

Onamiz... qizi otini bilmasmish!

Qizi bosmalim oʻynay berarmish-oʻynay berarmish! Bosmalimning yovgʻon turini oʻynab boʻlib, dahmana, ulugʻ, eshala, eshonqoʻzim, shovdir, kichikqon, kattakon, kultepa, yer shapillatar, qayiruv, kelin turlarini-da oʻynarmish.

Oʻyin yakunlovchi kelin turiga yaqinlashgan sayin murakkablashib borarmish.

Qizi toshni turli-tuman oʻynatib-oʻynatib ilib olarmish. Shu tur nomini oʻyin nagʻmasiga monand bot-bot aytar emish:
— Kelinim bir, kelinim ikki, kelinim uch...

2

Kuzda mayiz qilish boshlandi.

Otamiz avval oʻz tomorqasi mayizini qildi.

Hosil yaxshi boʻldi. Besh yuz kilocha mayiz oldi.

Oʻzi toʻqimish ikkita qoʻlsavatchani egar qoshiga qistirdi. Kolxoz mayiziga yoʻl oldi.

Ot qozigʻini tarvuzpoyaga tepib-tepib qoqdi.

Xurjun yelkalab, tokzor oraladi.

Paykallarda chollar tizilib uzum uzdi.
— Xirmon toʻlsin-u! — dedi otamiz.
— Yoʻlingiz unsin-u! — dedi chollar.

Otamiz chaqqon boʻldi. Paykalga tushdi.

Uzum boshlarini chirsillatib-chirsillatib uzib, qoʻlsavatga soldi.

Bir boʻzbola zambil savatni paykal boshiga qoʻydi.

Otamiz savatchasidagi uzumni peshma-pesh zambil savatga solib turdi.

Zambil uzumga toʻldi.

Boʻzbola choponi orqasini yagʻriniga qayirdi. Bir qoʻlini beliga tirab, engashdi.

Otamiz ellik kilocha kelmish savatni boʻzbola yagʻriniga qoʻydi.

Boʻzbola ilon iz soʻqmoqdan tepa oʻrladi.

3

Tepada ayol-qizlar davra qurib uzum tozaladi.

Oymomo onamiz-da chap tizzasiga tirsaklab uzum tozaladi.

Onamiz yuzlari soʻlgʻin boʻldi. Onamiz kechagi tushlari oʻyida boʻldi.

Onamiz peshonasida oʻtirmish Barchin xola:
— Qani, Oymomo doʻstim, bundaygina... mashqingiz past? — deya koʻngil soʻradi.
— Shunday, oʻzim... — deya ma’yuslandi onamiz.
— Ay, doʻstim, soʻraganning aybi yoʻq... u yoq-bu yoqqa yuguryapsizlarmi?
— Ha, vaqti-vaqti bilan.
— Vaqti deb oʻtirasizlarmi? Ish ado boʻlarmidi! Uyoq-buyoqqa chopingizlar, koʻrsatingizlar-da!
— Borib turibmiz.
— Qayerlarga bordilaringiz?

Shunda, davra yoppasiga sergak boʻldi.

Onamizdan bir ayol narida oʻtirmish Qimmat momo-da quloq berdi.
— Soʻfi Olloyor hazratimga bordik, — dedi onamiz.

Qimmat momo boshini sarak-sarak etdi.
— Voy bechora-ye, voy bechoragina-a! — dedi.
— Hazratimni ziyorat qildik. U kishi ohlarimni eshtdilar shekilli, koʻnglimga umid soldilar...
— Voy shoʻrpeshona-ye, voy shoʻrpeshonagina-a! — dedi Qimmat momo.
— Innaykeyin, Hojar koʻrga fol ochirdim...
— Voy shoʻring qurgur-ey, voy shoʻrginang qurgur-e! Shuncha sarson-sargardon boʻpti-ya!.. — dedi Qimmat momo.

Onamiz koʻkragiga tushmish roʻmoli uchini yelkasiga tirsaklab tashladi. Bir bosh uzum olib, Qimmat momoga qaratib otdi.

Uzum Qimmat momoning betiga borib tegdi. Beti shilt-shilt uzum shirasi boʻldi.

Qimmat momo betini changallab qoldi.

Onamiz zabt bilan joyidan turdi. Qimmat momoni yulmoqchi boʻldi, yumma-yumma yulmoqchi boʻldi.

Afsuslar boʻlsinkim, Barchin xola onamizni ushlab qoldi. Tirsagidan yetaklab, xolisroqqa olib borib oʻtirgʻizdi.
— Balchiqqa tosh otsang, betingga sachraydi! Qoʻying, doʻstim, shunga teng boʻlmang! — dedi.

Onamiz rangida qon qolmadi. Olisdan chopib kelmishday hansiradi. Qoʻllari sovqotmishday qaltiradi. Tizzalariga peshonasini qoʻyib, hoʻngrab yigʻlab yubordi...
— Buniki bir boʻlmasa, ikki boʻlmasa, Barchinoy doʻstim! — deya yigʻladi. — Yana tagʻin xesh emish! Ha, oshingni yeyin, senday xeshimning!..

Qimmat momo onamizni mazzammat qildi.
— Men senga biron yomon gap gapirdimmi, it!!.— deya shangʻilladi. — Ichim kuyganidan, ichim achiganidan gapiraman-da, it!.. Peshonang nimaga bundayin shoʻr desam, gap bu yoqda ekan-da, it!!.
— Bedana tezotar boʻlsa, oʻz boshini oʻzi yoradi! — dedi bir ayol.

Qimmat momo onamizni mazzammat qildi-qildi, kaftlarini katta ochdi.
— Omin! — dedi, — mendayin bir begunoh momoni sochimning oqiga qaramayin urgan boʻlsang, iloyo, olamdan bepusht oʻtgin! Mening yoshimga yetolmayin juvonmarg oʻlgin, olloh-akbar!.. — dedi.

Ayollar ichini tortdi, ayollar bosh chayqadi.
— Iloyo, ogʻzingdan chiqib, yoqangga yopishsin!— dedi Barchin xola.

Onamiz panoh izladi, onamiz najot izladi.

Yosh toʻla koʻzlari olazarak-olazarak boqdi.

Pastda hayrondan hayron qarab turmish otamizni topdi.

Bir koʻngli, otamiz oldiga borayin, dedi. Aytib-aytib yigʻlayin, dedi.

Ammo tevarak-boshdan or qildi.

Halqa-halqa koʻzyoshlar ichidan otamizga termuldi. Moʻltirab-moʻltirab termuldi...

Onamiz tagʻin yigʻladi. Bilaklariga yigʻlab-bilaklariga yigʻlab qoʻya berdi.
— Dunyoda bir menmi, befarzand! — deya aytib-aytib yigʻladi. — Tirnoqqa zor boʻlib oʻtganlar nechov! Men hali koʻrarman, umidim koʻp... Farzandning erta-kechi boʻladimi... Birovga ertaroq beradi, birovga kechroq beradi...
— Bir qishning bir yozi boʻladi, qargʻaning qagʻillagani qoladi, Oymomo doʻstim!
— Men uni koʻrdim, Barchinoy doʻstim, koʻrdim! Yaratganning oʻzi uni tushlarimga soldi, koʻngillarimga soldi! Nima qilayin, vaqti-soati yetmagan ekanmi, qoʻynimga solmadi... Tushlarim toʻldi, koʻngillarim toʻldi. Nima qilayin, qoʻynim toʻlmay turibdi, quchogʻim toʻlmay turibdi... Barchinoy doʻstim, men uni toltushda koʻrdim, toltushda! Dugonalari bilan tutimiz ostida bosmalim oʻynadi. Ishonmasangiz, Olapar itimdan soʻrang. Bosmalimda unga teng keladigani boʻlmadi. Oʻn ikki xilida-da adashmadi. Ayniqsa kelin xilini bir oʻynadi-bir oʻynadi! Dugonalari ogʻzini ochib oʻtira berdi! Men uning otini bilolmay qoldim. Barchinoy doʻstim... Robiyaning chaqalogʻi bigʻillab uygʻotib yubordi. Tagʻin koʻzlarimni yumib, uning yoʻliga qaradim. U boshqa kelmadi... Baribir keladi. Barchinoy doʻstim, keladi, mana koʻrasiz... Ana shunda uni shu yerlarga yetaklab kelaman! Mana shu momolaringga bir bosmalim oʻynab ber, deyman, Barchinoy doʻstim!..
— Aytganingizga farishtalar omin oʻqisin, Oymomo doʻstim!

4

Otamiz tepada boʻlmish gaplarni eshitdi. Ammo eshitmaslikka oldi.

Uzum uzib-uzib, ari uyasiga duch keldi.

Ari uyasi kungaboqarday-kungaboqarday boʻldi.

Arilar gʻuj-gʻuj teshiklarda tumshuqlarini bir-biriga tegizib yashadi. Bordi-yu, chetdan tahdid boʻlsa, arilar yoppasiga hamla qildi. Shiddat bilan uchib kelib, tahdid qiluvchi koʻziga yo qulogʻiga yopishdi.

Otamiz choponi oʻngirini boshiga yopdi. Yenglarini tirsaklarigachayin qayirdi. Bilaklarini yalangʻoch qildi.

Ohista enkayib, ari uyasi osilib turmish tok novdani silkidi.

Arilar gʻimirladi, yoppasiga qoʻzgʻoldi. Ikkita-uchtasi otamiz koʻzini moʻl uchdi, qulogʻini moʻl uchdi. Ammo chopon oʻngiriga duch keldi.

Tagʻin uchib, yalangʻoch bilaklarga borib yopishdi. Bilaklarga chim-chim nish urdi. Chim-chim-chim!..

Chim-chim chaqmish ari boʻldimi yo chibin boʻldimi?

Bilolmadi, otamiz bilolmadi!

Otamiz kayfiyati shu qadar tarang boʻldi! Erkaklar peshin chogʻi uzum uzishni boʻldi qildi. Paykallardan chiqib keldi.

Ayollar erkaklarni koʻrib, u yoq-bu yogʻini tuzatgan boʻldi, oʻziga qaragan boʻldi.

Ayrim uzum donalari kesak orasida qolib yo suv tegib, chirigan boʻldi.

Ayollar ana shu chirikni mayizjoy bir chetiga olib borib yoydi.

Oftobda ochiq qolib, poʻla boʻlib qolmish uzumlar-da boʻldi. Bu uzum oftobi mayiz boʻldi. Oftobi mayiz butun yozi bilan saraton oftobini olib pishdi. Shu bois, koʻp shifoli boʻldi.

Ayollar ana shu oftobi mayizni alohida yoydi.

Mayizjoy chetida ulkan dasht oʻchoq boʻldi. Ana shu oʻchoqqa oʻt yoqildi.

Otamiz choponi oʻngirini qayirib, belbogʻiga qistirdi. Zinadan oʻchoqqa koʻtarildi.

Qozondagi suvga ishqor bilan ohak soldi.

Dasht-biyobonlarda bir oʻt oʻsadi. Mayizchilar shu oʻtni terib, toʻda qilib kuydiradi. Oʻt kuyayotib, undan chakillab-chakillab suvi tomadi. Suv kul bilan qoʻshilib, choʻqir tosh misol qotadi. Oʻzi kulrang, oʻtkir hidli boʻladi.

Ishqor ana shu boʻladi!

Mayiz qozon qaynadi.

Otamiz choʻmich bilan qaynagan suv tinigʻini oldi-oldi, bir toza idishga soldi. Qozonni tozalab yuvib oldi.

Keyin ishqor bilan ohak suvini tagʻin qaytarib qozonga soldi.

Oʻtyoqar tinmay oʻt yoqib turdi.

Ayollar qoʻlsavatlarga uzum solib berdi.

Boʻzbolalar qoʻlsavat bogʻichidan koʻtarib, otamizga olib kelib berdi.

Otamiz oyogʻini oʻchoq labiga tiradi. Savat bogʻichidan avaylab ushladi. Bilqillab qaynab turmish qozonga pishib-pishib oldi.

Uzumlar sap-sariq boʻldi.

Otamiz savatni tagʻin boʻzbolaga uzatdi.

Boʻzbola ostidan ishqor ham ohak suvi shoʻr-shoʻr oqib turmish qoʻlsavatni mayizjoyga tashidi.

Ayollar uzumlarni yoyib-yoyib turdi. Jovuzni alohida, husayinini alohida, kishmishini alohida yoydi.

Boisi, har mayizning oʻz ta’mi boʻladi, oʻz-mazasi boʻladi.

Ana endi uzumlar oftobda hafta deganda quriydi, sap-sariq mayiz boʻladi!

5

Ishdan qaytar chogʻlarida brigadir keldi.

Otamiz brigadirni xolisroqqa yetaklab bordi. Niyatini aytdi.

Brigadir ajablandi. Boisini soʻradi.

Otamiz javob bermadi. Koʻzlarini olib qochdi. Oʻzicha bosh irgʻadi. Koʻnglida: «El-yurtga aralashmayin deyman, uka, tilim qisiq... Vaqtliroq kelganingda, tepadagi gaplarni eshitgan boʻlarding...» dedi.

Otamiz oʻz koʻnglida aytmish gapini brigadirga aytdim, deya oʻyladi.
— Shunday, brigadir uka, shunday... — deya tagʻin bosh irgʻadi.
— Mayli, qorovullik boʻlsa qorovullik-da. Ombor boʻladimi? — dedi brigadir.
— Yoʻq, dala ber, uka, dala ber.
— Maylingiz, unda, Kamarga borasizmi?
— Yoʻq, bizga Sayrak adirni ber, uka. Ayolimiz bilan ikkovimizga-da. Ayolimiz oʻrniga-da oʻzim tura beraman. Ayolimiz ovqat pishirib berib turadi.
— Maylingiz.
— Shu, Sayrak adirga bir dil ketdi-da, uka...
— Boʻldi-boʻldi, gap yoʻq! Lekin aytib qoʻyay, Yoʻldosh qorovul koʻnmasov. Shunday boʻlsa-da, bir aytib koʻraman.
— Shunday qil, uka, shunday qil...
— Hali-hozircha qimirlab turing, mayizlar tugasin.

6

«Endi nima qilamiz, momosi?»

Otamiz shunday savol nazari bilan onamizga termuldi.

Onamiz gʻariblandi, onamiz azoblandi.
— Denovda zoʻr tabib bor, deyishayapti, — deya pichirladi onamiz. — Borganlar dardiga davo topib qaytar emish...

Otamiz bilan onamiz ana shu tabibga bordi.

Tabib gap indallosini aytdi:
— Bizni e’tiborga olib kelibsizlar, qulluq, — dedi. — Endi, doʻxtirga boringlar. Eshon, tabibni qoʻya beringlar. Oldinlari doʻxtir yoʻq edi, boʻlsa-da, taxchil edi. El bechora eshon, tabib deb kelar edi. Qoʻlimizdan kelganicha yoʻl-yoʻriq berib joʻnatar edik. Endi, doʻxtir koʻp, doʻxtirdan qolmanglar. Lekin Denov doʻxtirlariga bormanglar, qoʻlga qaraydi... Termizda zoʻr bir doʻxtir bor. Ana shu doʻxtirga boringlar. Mana, manzili...

Otamiz bilan onamiz mol-hollarni Robiya hamsoyasiga tayinladi.

Termiz yoʻl oldi.

Qidirdi-qidirdi, tabib aytmish doʻxtirni topdi.

Doʻxtir yoʻllanma soʻradi.

Otamiz bilan onamizda yoʻllanma boʻlmadi.
— Unda, qabul qilmaymiz, — dedi doʻxtir.

Otamiz sargʻaydi.
— Uyimiz ovloq, mol-holga qaraydiganimiz yoʻq... — dedi.

Doʻxtir kuldi-kuldi... oxiri qabul qildi.

Erkaklar alohida doʻxtirga navbatda turdi, ayollar alohida doʻxtirga navbatda turdi.

Gal keldi, otamiz ichkari kirdi.

Doʻxtir soʻrab-surishtirdi. Qogʻoz qoraladi. Keyin, otamizni qaradi... Analiz topshirish uchun yubordi...
— Uch kundan keyin keling, — dedi.

Gal keldi, onamiz-da oʻz doʻxtiriga kirdi...

Otamiz bilan onamiz Termizda uch kun qoldi. Bozor mehmonxonasida yotdi.

Uchinchi kun doʻxtir huzuriga bordi.

Avval otamiz ichkarilab keldi.
— Nima dedi? — soʻradi onamiz.
— Sizdan farzand boʻlmasa, boshqa bir erkakdan-da farzand boʻlmaydi dedi.

Keyin, onamiz ichkarilab keldi. Ma’yus-ma’yus boʻlib keldi, gʻamgin-gʻamgin boʻlib keldi.
— Nima, dedi-a, nima dedi? — soʻradi otamiz.

Onamiz boshini chapiga xiyol egdi. Yerga koʻz tikdi.
— Oyning oʻn beshi qorongʻi boʻlsa, oʻn beshi yorugʻ, dedi... — deya pichirladi.

Otamiz ma’qullab-ma’qullab bosh irgʻadi.
— Ana, aytdim-ku, boʻladi deb, ana... — dedi.

Otamiz bilan onamiz qaytib keldi.

7

Otamiz onasi oyoqdan qoldi.

Yotdi-yotdi, ovqatdan qoldi.

Yotdi-yotdi, tildan qoldi.

Yotdi-yotdi... cholni oldiga ketdi.

8

Otamiz brigadir oldidan oʻtdi.

Brigadir oʻz soʻzida turdi. Yoʻldosh qorovul oldiga yoʻl oldi.
— Endi, siz Kamarga borasiz, — dedi.

Yoʻldosh qorovul hang-mang boʻldi. Birdan tutab yondi...

Boisi, Kamar olis boʻldi. Yana tagʻin, Kamarda makkajoʻxoridan boshqa nima boʻlmadi. Sayrak adir esa bogʻot boʻldi, gardi gurd ogʻiz tegib turdi.

Yoʻldosh qorovul olov oldi.
— Nima uchun endi? — dedi. — Bu yer-chi, misol uchun?
— Bu yerga boshqa odam keladi.

Yoʻldosh qorovul tagʻin olov oldi.
— Birday u yoqdan bu yoqqa quv-quv ekan-da!— dedi. — Nima, biz kolxozning oʻgay a’zosimi, misol uchun?
— Borasiz, borasiz.
— Raisga borsam boraman, Kamarga bormayman!
— Obbo, siz gapni oling!

Qorovul haminqalar olov oldi.
— Olsam olmasam! Haydasangiz, mana, haydang! — dedi. — Bola-chaqam ochidan oʻlsayam ishga chiqmayman! Gapim shu, misol uchun!
— Obbo, xoʻp-e, xoʻp!
— Oʻzi, kim ekan u, boshida oyi bor arzanda, misol uchun?
— Qoplon akaga deb edim! Mayli, bormasangiz bormang...

Brigadir ogʻrinib-ogʻrinib joʻnadi.

Yoʻldosh qorovul qoʻllarini orqasiga qildi. Brigadir ketidan qarab turdi. Turdi-turdi-da, brigadir ketidan chopqillab bordi.
— Qoplon akaga boʻlsa mayli, misol uchun, — dedi. — Koʻngli yarim... Boshqaga boʻlsa, oʻlib ham bermasdim, misol uchun.

9

Ertasi otamiz keldi.

Yoʻldosh qorovul bilan tevarak aylanib koʻrdi.
— Sizga brigadir hech nima demadimi, misol uchun? — soʻradi qorovul.
— Yoʻq. Nima edi? — dedi otamiz.

Qorovul xotirijam boʻlib gapirdi:
— Brigadirga aytdim, bu yerning qorovulligidan koʻp zerikdim, meni Kamarga yuboring, dedim. Brigadir mayli, dedi, misol uchun.
— Ha-a.
— Keyin, oʻrtoq Odilov, siz oʻz kasbingizning ustasisiz, oʻrningizga oʻrinbosar tayinlang, dedi. Men aytdim, men bir bor-yoʻgʻi qorovul boʻlsam, qanday qilib qorovul tayinlayman, oʻzingiz tayinlang, dedim. Unda, oʻrningizga munosib oʻrinbosar ayting, dedi. Aytgan odamingizni qoʻyamiz, gapingiz gap, soʻzingiz soʻz, dedi. Obroʻy bor-da, misol uchun, obroʻy bor, ha!
— Shunday, ha, shunday.
— Men xoʻp, dedim, misol uchun. Men bir oʻylab koʻrayin qani, dedim. Ertaga bir xabarlashing, dedim. Bizning joyimiz hazilakam joylardan emas, dedim. Chin-da, shuncha bogʻ-rogʻga qarab oʻtirishning oʻzi boʻladimi, misol uchun! Joyimga kimni qoʻysam ekan deb, kechasi bilan oʻyladim-oʻyladim! Qishloqda oti odam borki, barini bittalab gʻalvirdan oʻtkazdim, barini chertib-chertib koʻrdim, misol uchun. Ertasi brigadirga, men Qoplon akani oʻrnimga loyiq topaman, dedim!
— Ha-a.
— Bilamiz-da, kim qandayligini, misol uchun!
— Qulluq, qulluq.
— Ana bogʻ, buyursin, misol uchun. Qani, olloh-akbar, misol uchun!..

Yoʻldosh qorovul koʻch-koʻronini yigʻishtirib ketdi.

10

Otamiz qorovuldan qolmish chaylada choʻnqaydi. Tizzalarini quchoqladi. Tevarakka nazar soldi.

Sargʻaydi-sargʻaydi, yolvordi-yolvordi, boshi yetmish joy shu chayla boʻldi.

Nima uchun shu chayla deya sargʻaydi-soʻldi? Yolgʻiz oʻzi bildi, yolgʻiz xudo bildi.

Oʻtirdi-oʻtirdi... Xudodan-da koʻngli qoldi!
— E-e-e, bor-e!.. — deya qoʻl siltadi.

Otamiz... xudoga qoʻl siltadi!

«Ey, xudo, sen oʻzi qayerdasan, qaylardasan? — deya xayollandi. — Sen oʻzi, bormisan? Bor boʻlsang, javob ber, yuzaga chiq! Mendayin bir shoʻrpeshona bandang bilan yuzma-yuz boʻl! Mendayin bir xokisor bandang holini koʻr!

Ayt, oʻzi, men bandangni nima uchun yaratding? Shu bechora-da dunyoda yursin, shu gʻarib-da oʻz kunini oʻzi koʻrib yursin, deya yaratdingmi?

Unda, men bandangni-da xor qilma-da, ey, xudo, men bandangni-da yolgʻiz qilma-da, ey xudo!

Bandangni yarat-yarat, pushti kamari bilan yarat-da, ey, xudo!

Ey, xudo, esimni taniganimdan buyon xudoga sigʻinib keldim, xudoga topinib keldim, xudoga ishonib keldim.

Shunday ekan, har ne qilsang qil, pushti kamarli qil-da, ey xudo!

Dunyodan necha-necha podsholar oʻtdi, necha-necha hokimlar oʻtdi, necha-necha kattalar oʻtdi...

Pushtsiz umrim mobaynida koʻp-koʻp podsholardan qaytdim, koʻp-koʻp kattalardan qaytdim...

Ammo... ammo yolgʻiz sendan qaytmadim, ey, xudo!

Dilimda-da xudo boʻldi, tilimda-da xudo boʻldi!

Shunday ekan, har ne qilsang qil, pushti kamarli qil-da, ey, xudo!

Bandalaring qay bir podsholarga sigʻinmadi, bandalaring qaybir kattalarga sigʻinmadi. Bandalaring nimalarga sigʻinmadi, bandalaring nimalarga topinmadi...

Bandalaring dinidan qaytdi, bandalaring xudosidan qaytdi, bandalaring imonidan qaytdi!

Sen aynan ana shu bandalaringni zurriyotli qilib yaratding, ey, xudo!

Ojiz qolmishlarimda, chor-nochor qolmishlarimda, xokisor qolmishlarimda:
— Ey, xudo, oʻzing saqla! Ey, xudo, oʻzing madad ber! — dedim.

Aslo, aslo:
— Ey, partiya, oʻzing saqla! Ey, komsomol, oʻzing madad ber! — demadim.

Ammo shunday deguvchilar boʻldi! Bandalaring shu darajaga-da bordi!

Sen kelib-kelib, aynan ana shu bandalaringni zurriyotli qilib yaratding, ey, xudo!

Men bandangni shayton yoʻldan ozdirgan vaqtlar boʻldi, shayton yomon yoʻlga boshlagan vaqtlar boʻldi.

Shunda, oʻzimga-oʻzim:
— Ey, banda, xudodan qoʻrq! — dedim-da, yoʻldan qaytdim.

Aslo, aslo:
— Ey, banda, partiyadan qoʻrq! Ey, banda, komsoldan qoʻrq! — demadim.

Ammo, shunday deydiganlar boʻldi!

Dinidan qaytmishlar nechov boʻldi, xudodan qaytmishlar nechov boʻldi!

Sen aynan ana shularga zurriyot berding, ey, xudo, qator-qator zurriyot berding!

Meni boʻlsa... men bandangni boʻlsa, zurriyotsiz qilding, ey, xudo!

Chin, bilib-bilmayin gunoh qilib qoʻydim. Dardimni birovga aytolmadim. Dard boʻlsa, imonni kuydira berdi...

Shunda men gunohlarimdan forigʻ boʻlish uchun tavba-tazarru qildim:
— Ey, xudo, oʻzing kechir! — dedim.

Aslo, aslo:
— Ey, partiya, oʻzing kechir! Ey, komsomol, oʻzing kechir! — demadim.

Ammo shunday deydiganlar boʻldi! Koʻp-koʻp boʻldi, moʻl-moʻl boʻldi!

Men boʻlsam, dilimda-da xudoni qoʻymadim, tilimda-da xudoni qoʻymadim!

Men yolgʻiz xudoni dedim!

Shunday ekan, bir sodiq bandangni bunchalar xoʻrlama-da, ey, xudo! Bir sodiq bandangni bunchalar oyoq osti qilma-da, ey, xudo!

Har ne qilsang qil, pushti kamarli qil-da, ey, xudo!..»

11

«Men erkakman. Unga qiyin...»

Otamiz ana shunday oʻyga bordi.

Onamiz boʻlsa, tushlik olib kela bermadi.

Otamiz oyogʻi uyiga tortdi. Uyiga otlandi.

Kelsa, hovli bosh-adoq qulf boʻldi.

Otamiz ajablandi, otamiz hayronlandi.

Otini darvoza ustuniga boyladi. Oʻzi devordan oshib oʻtdi.

Yashirincha joylari boʻlmish nosoz radio ichidan kalitni oldi.

Oshxonaga kirdi. Idish-toboqlarni bir-bir ochib koʻrdi. Toʻntariqlik toboq ostidan bir la’li toboq palov topdi.

Tok vayishi ostiga gilam yoydi. Dasturxon yoydi.

Chinni kosada shakarob qildi. Choy damladi.

Chordana qurib oʻtirdi. Piyoladay-piyoladay yumaloqlab palov yedi.

12

Shu vaqt, koʻchada ot dupurladi. Devor uzra shoʻro kotibi yuz berdi.
— Assalomu alaykum, Qoplon aka! — dedi kotib.
— Vaalaykum-vaalaykum! — dedi otamiz.
— Yaxshimisiz, dimogʻlar chogʻmi?
— Shukur-shukur, binoyiday. Oʻzingizdan soʻrasak?
— Rahmat-rahmat...

Kotib shunday deya, koʻz qiri bilan toboqdagi palovga qaradi. Ogʻzi palov ta’mini tuydi...

Devordan oshib oʻtmoqchi boʻldi. Yana tagʻin, niyatidan qaytdi.

Kimsan, qishloq shoʻrosi kotibi! Kimsan, shoʻro vakili! Uy xoʻjasi taklif qilar?

Kotib ana shunday oʻyga bordi.

Otamiz xotirjam-xotirjam palov yedi. Kotibga qayrilib-da qaramadi!
— Bizga qorovullikka oʻtaman deb, bormadingiz? — dedi kotib.

Otamiz osham yudmaloqlab-osham yumaloqlab, javob berdi:
— Endi, uka, soʻng-soʻng oʻylab qarasam, olisning palovidan, yaqinning shoʻrvasi yaxshi ekan!

Kotib palovga tamshanib-tamshanib qaradi.
— Ha-a-a! — dedi kotib. — Oldiginangizdagi palovginadan deysiz-da?
— Shunday-shunday.
—Oʻzginangiz yeyayotgan zigʻir moylikkina palovginadan deysiz-da?
— Oʻzimiz yeyayotgan zigʻir moylik emas, paxta moylik palov.
— Ha-a-a!.. — Paxta moylikkina palovginayam yaxshi...
— Shunday-shunday. Bay-bay-bay! Oʻziyam, palovmisan-palov boʻlibdi-da.

Kotib bir teskari qarab oldi.
— Ha-a-a-, mayli... — dedi kotib. — Ikki yillik tomorqa soligʻini toʻlamabsiz. Soliqchi boʻlsa kasal. Buyogʻi, rayondan boʻl-boʻl qilyapti. Shunga oʻzim kelib edim.
— Binoyi-da, binoyi, — dedi otamiz. — Endi, uka, gapning oʻnaqayini aytsam, menda pul yoʻq! Menga pul nima kerak? Adirda magazin boʻlmasa, bozor boʻlmasa...
— Unda qaytamiz?
— Pulning bari ayolimizda! Ayolimiz bir yoqqa ovul qidirib ketdi. Ovullab kelsin, ogʻzingizdan chiqqanini beradi!

Otamiz oshamni katta-katta oldi.

Otamiz hadiksiradi: katta xalqi yuzsiz boʻladi, surbet boʻladi! Mabodo, kotib otdan tushib, indamay kelib oʻtirsa nima boʻladi? Unda otamiz toboqdan qoʻlini tortadi! Dasturxondan xolisroqqa borib oʻtiradi!

Kotib toifasidagilar bilan bir dasturxondan tuz yemaydi, bir toboqdan palov yemaydi!

Marhumlar haqini yeydigan odam bilan bir toboqdan palov yeb boʻladimi? Boʻlmaydi, boʻlmaydi! Makruh, makruh!

Kotib, amalni pesh qilish foydasizligini bildi. Endi oʻzga yoʻlga oʻtdi.
— Bilasizmi-yoʻqmi, sagʻal urugʻchiligimiz bor... — dedi kotib.
— Bilaman, oʻngirning uchi...
— Iya, oʻngirning uchiyam urugʻ-da!

Otamiz kosadagi shakarob suvdan hoʻpladi. Palovga yanada ishtaha bilan qoʻl uzatdi. Oʻziga oʻzi marhamat etdi:
— Katta-katta oling-e, Qoplonboy-e!

Palov borgan sayin kamayib bordi.

Kotib yelkasidan nafas oldi, kotib qiltillab yutindi.
— Ming qilsayam, urugʻ urugʻ-da, qoplon aka,— dedi. — Et bilan tirnoqni ayirib boʻlmaydi...

Palov bir cheti jar boʻlib, shu tarafga agʻnab tushdi.

Otamiz bilagidan moy oqdi. Bilagini yalab-yalab, lablarini chapillatdi.

Kotib-da tishini soʻrib, lablarini chapillatdi.
— Tomir tortadi... — dedi.

Palov oʻrtasida issiq boʻldi.

Otamiz palovni barmoqlari uchi bilan titib-titib tashladi. Taboqdan palov isi anqidi.

Ay, palov isi, palov islari-ay!..

Kotib chuqur-chuqur nafas oldi. Dimogʻi rohatlandi!

Peshonasini qashigan boʻldi-da, barmoqlari orasidan palovga qaradi.

Palov borgan sayin ozayib bordi...
— Boʻlmasa, qorovul boʻlaman deganlar koʻp edi, — dedi kotib. — Barini qaytardim. Sizga xoʻp dedim...

Otamiz piyolaga chuldiratib-chuldiratib choy quydi. Issiq-issiq choy ichdi. Xoʻr-xoʻr choy ichdi.
— Ey, xudo, oʻzingga shukur-e! — dedi.

Kotib toboqqa qaradi. Taboqdagi palovdan asarda qolmadi!

Otamiz palov tagida qolmish moyni ichdi. Toboqni yalab-yalab qoʻydi.

Oʻziga-oʻzi fotiha oʻqidi.

Tagʻin choydan bosib-bosib ichdi.

Qadlarini rostladi. Tishlarini kovladi. Kekirib-kekirib, oʻtirdi.
— Xudoga shukur-e!.. — dedi.

Kotib devordan qoʻlini oldi. Otiga achchiq-achchiq qamchi bosdi.
— Odam koʻrganim yolgʻon ekan-a!.. — deya kuyuna-kuyuna ketdi.

13

Otamiz endi ishiga otlanayotib edi, onamiz kirib keldi.

Otamiz, onamiz yuziga qayrilib-da qaramadi...
— Qayoqlarda yuribsan? — deya toʻngʻilladi.

Onamiz kalishi uchi bilan yer chizdi.
— Denov borib edim... — dedi.
— Denovda pishirib qoʻyibdimikin?
— Ayollar, baliq yeb kelamiz deya, yur-yur qildi...
— Ayolimiz baliq yeb yursin, biz bu yoqda och oʻtiraylik!
— Tushgacha kelaman deb edim, avtobus hayallab qoldi.
— Endi, Moskvaga bor! Keyin, Leningradga!..

Otamiz zarda bilan otlandi.

14

Shoymardon ferma mudir oʻgʻli qoʻlini halolladi.

Toʻshakda yotmish oʻgʻil koʻnmadi. Yuzini goh oʻng tarafga, goh chap tarafga burib yigʻladi.

Oʻgʻil qabatida tizzalab oʻtirmish usta Majid asbob-anjomini hozirladi. Oʻtkir pakkisini kaftida qayradi.
— Qoʻrqma-ye! Chibin chaqqandayin ham boʻlmaydi! — deya dalda berdi usta Majid.
— Chibindi qoʻying, shamol esib oʻtganday boʻladi!— dedi usta shogirdi.

Qoplon otamiz oʻgʻilchaga pul uzatdi.
— Ma, tarlon ot ol! — dedi.
— Ana, boyib ketding!
— Menga berganlarida jon-jon deb koʻnardim!
— Shuncha pulgayam yoʻq deysanmi? Unda, tur, oʻzim yotaman!

Nurali bobo shunday deya, toʻshakka talpindi.
— Usta bova, men yotayin!
— Qoʻying-e, oʻzi yotadi!

Oʻgʻil tevarakka alangladi. Odamlar yuzi jiddiy boʻldi. Biri qoʻyib biri, uning oʻrniga yotayin, deya intildi.

Shunda, oʻgʻil tinchidi.

Oʻgʻil ogʻziga tandir non tutdilar.
— Tishla, tishla! — dedilar.

Oʻgʻil non tishladi.

Usta ruhiy san’atini qoʻlladi. Oʻgʻilni gap bilan chalgʻitdi. Oʻgʻilni xotirjamlatdi. Payt poyladi...
— Ay, yasha! — dedi. — Necha puling bor? Ot olsang meniyam mindirasanmi-yoʻqmi? Balli! Qoplon bovang chin aytadi, ot olsang Tarlonidan ol!.. Huydar-huyda-a-ar!..
— Huydar-huyda-a-ar!.. — joʻr boʻldi odamlar.

Oʻgʻil nonni jon-jaqdi bilan tishlab... uzib oldi! Unsiz-unsiz yigʻlab qoʻya berdi.

Usta kesik joyga kuydirilgan paxta kulini bosdi. Ustidan bukilmaydigan doʻppi qoplab qoʻydi.

15

Qoplon otamiz yon uyga kirib oʻtirdi.

Shoymardon ferma mudirning toʻxtamishlik mol doʻxtir oshnasi keldi.

Ichkariladi. Qoʻli halollanmish oʻgʻlon bilan soʻrashib keldi.

Barcha bilan koʻrishdi. Toʻrlab oʻtirdi. Oʻng tarafdan bitta-bittalab soʻrashdi. Gal uchinchi odamga keldi.

Qoplon otamiz sergaklandi. Eshikka qarab-qarab qoʻydi. Boshini quyi egdi. Dasturxon chetini qayirib oʻynadi. Choynak qopqogʻini shiqillatib-shiqillatib ochib-yopdi.

Gal Qoplon otamizga keldi.

Mehmon, qoʻli koʻksida soʻrab boshladi:
— Yaxshimisiz, aka...

Otamiz qoʻlini koʻksiga qoʻydi.
— Shukur-shukur, — dedi.
— Bola-chaqalar oʻsayaptimi?
— Shukur...
— Nevara-chevaralar katta boʻlayaptimi?
— Shukur.
— Chopqillab-chopqillab yurishibdimi?..

Otamiz qoʻli koʻksida boʻldi. Egik boshini irgʻab oʻtira berdi.

Otamiz toʻy-toʻylaganlari, yegan-ichkanlari burnidan chiqdi!

16

Otamiz uyiga yonib-yonib keldi!

Nimaga endi, faqat bola-chaqani soʻraydi?

Nimaga manavi dangʻillama uyini soʻramaydi? Muhtasham hovlisini soʻramaydi? Koʻkrakdor otini soʻramaydi?

Toʻda-toʻda qoʻylari bor. Qoʻsha-qoʻsha mollari bor. Qoʻylari yilma-yil qoʻzilaydi. Mollari yilma-yil buzoqlaydi. Nimaga mol-holini soʻramaydi?

Bogʻlari har yili besh yuz kilolab mayiz beradi.

Nimaga mayizlarini soʻramaydi?

Oʻzi hamisha otday boʻlib yuradi. Tani-joni sogʻ boʻlib yuradi. Ishlasa, ikkita-uchta erkakning ishini qiladi. Moʻl-koʻl mehnat haqi oladi. Nimaga bularni soʻramaydi?

17

Otamiz ichkariladi.

Uzala tushib uxlamish onamizga qaradi. Jagʻ suyaklari boʻrtib-boʻrtib qaradi...

Birdan.. onamiz bilagidan olib, otib yubordi!

Onamiz misoli toʻrva xaltaday uchib, yuzlari bilan yuk-yopga borib oʻrildi. Shunday zarb bilan urildi... Zarbidan ketiga chalpak boʻlib yiqildi...

Onamiz dovdirab qoldi, onamiz esankirab qoldi.
— A-a-a... — deya, zaif ham qaltiroq ovoz berdi.

Sapchib turib oʻtirdi. Kaftlari bilan yalang boshini yopdi. Entikib-entikib nafas oldi. Qoʻrqqanidan chirillamoqchi-da boʻldi.

Ojizona ovoz bilan, yolvoruvchi ovoz bilan:
— Men bu kishiga nima qildim... — deya shivirladi.
— Nimaga uxlaysan?
— Hamma uxlaydi-ku...
— Senga kim qoʻyibdi uxlashni!
— Hamma uxlaydi-ku...
— Senga uxlashni kim qoʻyibdi deyapman? Ayt! Aytmaysanmi, aytmaysanmi!..

Otamiz, onamiz yalang boshidagi qoʻllarini siltab tashladi. Sochlarini bilagiga oʻrab oldi.

Otamiz chap qoʻli onamiz boʻgʻziga bordi...

Onamiz:
— Xrr-xrr-xrr... — etdi.

Otamiz panjalari tagʻin-da botdi-botdi...
— Xrr-xrr-xrr...

Onamiz iyagi yuqoriladi. Tagʻin yuqoriladi... Koʻzlari jon berajak buzoq koʻzlariday olayib-olayib bordi.

Onamiz koʻz qorachigʻlari yoʻqolib qoldi! Oqlari koʻpayib qoldi!

18

Otamiz seskandi... Qoʻllari boʻshashdi...

Ketiga qaray-qaray, tashqariladi. Zinapoyada haykalday turdi. Entika-entika, olamga qaradi...

Olam bir hovuch! Qishloq choldevor! Keng yuzli hovli tovuq katagi!..

Obtovada qoʻliga suv quydi.

Qoʻliga suv yuqmadi. Suv barmoqlari orasidan qumday toʻkilib ketdi.

Suvi yoʻqdir, degan oʻyda obtova qa’riga qaradi. Eti sovuqda junjikmish odamday seskanib bosh koʻtardi.

Obtova baldogʻini mahkam ushlab qotib qoldi. Obtovani otib yuborishini-da, ushlab turishini-da bilmadi.

Obtova qa’ri poyonsiz suv boʻldi. Suv qa’ridan bir odam otamizga baqrayib qarab turdi. Baqraymish yuz vajohatli boʻldi...

Otamiz mixdan qamchini oldi. Otiga qarab yurdi.

Ot arqonini egar qoshiga oʻradi. Sapchib otlandi.

Darvozadan enkayib oʻtdi. Qorovulligiga yoʻl oldi.

19

Qorovulligida otini yoʻngʻichqapoyaga qantardi. Chaylasiga qarab yurdi.

Ariq boʻyida yovvoyi bogʻ gullariga duch keldi. Enkaydi, gullarga dimogʻini qoʻydi. Dimogʻi boʻy payqamadi!

Gullar gul emas, tikon. Tikon uchiga qistirib qoʻyilmish qizil qogʻoz!

Otamiz aftlari burishdi. Yoʻlida davom etdi. Adirladi.

Chaylada gilamga toʻkilmish chayla xas-choʻplarini qoqdi. Koʻrpacha yoydi.

Taxlogʻliq koʻrpachalarga orqa berib oʻtirdi. Oyoqlarini uzatdi.

Lippasidan nosqovoq oldi. Nosqovoq ostiga chertib-chertib, kaftiga nos toʻkdi. Ogʻzini osmon qilib, tanglayiga nos otdi.

Lablarini choʻchchaytirdi. Nos yuqi kaftini soniga artib-artib oldi.

Ketiga chalqaydi. Harommagʻzi bilan koʻrpachaga suyandi. Telpagini peshonasiga qoʻndirdi...

Shu oʻtirishda oʻtirdi-oʻtirdi... nos elitdi... koʻzi ilindi...

20

Togʻni qora bulut bosdi. Bulutlar bagʻrida sonsiz tasmalar tortildi: togʻga yomgʻir yogʻdi.

Qop-qora bulutlar tobora pastladi. Qirlar bulut ichida qoldi.

Otamiz adiri-u qirlar qoq oraligʻida boʻldi. Otamiz misoli jar oraligʻida, ulkan tosh ustida oʻtirdi.

Jar tubsiz boʻldi...

Otamiz hademay ana shu jarga tushib keta- di. Tushib ketishini birov-da bilmaydi. Birov-da soʻrab-surishtirmaydi. Nom-nishonsiz yoʻqo-ladi...

Kimi-da soʻraydi? Kimi-da surishtiradi? Kimida eslaydi?..

Otamiz ovozi boricha baqiradi. Qoʻllarini uzatib baqiradi.

Kimi-da ovoz beradi? Qirlarmi? Qirlar aks sado beradi. Mayna qilmishday, otamiz ovozini qaytaradi.

Otamiz qoʻllari shalvirab qoladi. Endi, yolgʻiz tayanchi boʻlmish, yolgʻiz ilinji boʻlmish ayolini chaqiradi.

Ayol qoʻlidan nima keladi? Yigʻi keladi!

21

Qop-qora bulutlar Archakoʻtal choʻqqilarini chalib ketdi. Televizor stansiya, Toʻxtamish tova qirlari-da koʻrinmay qoldi. Bulut katta lalmi choʻqqilarini-da bosdi.

Shunda... shunda, bulutlar orasida bir chol paydo boʻldi. Chol ust-boshlari oppoq boʻldi. Soqollari-da oppoq boʻldi.

Ostidagi eshagi-da oppoq boʻldi. Taqimida uzun hassa boʻldi.

Otamiz cholni qayerdadir koʻrganday boʻldi. Oʻylab-oʻylab, esladi: bargga borganda koʻrib edi.

Otamiz koʻngliga tahlika tushdi: «Kim boʻldi, bu moʻysafid?» deya oʻyladi.

Bulutlar aro momaqaldiroq qarsilladi. Ayqash-uyqash tasmalar yonib-oʻchdi: yashin chaqnadi.

Otamiz seskanib tushdi.

Chol parvoyiga-da kelmadi. Chol yaqin keldi. Yuzlari yaqqol boʻldi.

Otamiz choldan koʻz uzmadi. Koʻnglidagi tahlikalar tarqala bordi.

«Kim boʻldi ekan, bu moʻysafid? Samad bobomikin? Uning eshagi qora edi-ku? Qarshi maxsummikin? Yoʻq, maxsum eshakni befarosat hayvon deb minmaydi».

Otamiz oʻylab oʻyiga yetdi... Seskandi... Yoqa ushladi...

«Yo, qudratingdan! Chiningmi shu?»

Ichida kalima qaytardi. Cholga yanada sinchiklab tikildi.

«Koʻrinishi aytib turibdi. Shunday boʻlsa-da, shoshmagan ma’qul. Kim biladi, koʻzimga shunday koʻrinyaptimi. U kishida barchaga ayon belgi boʻladi. Shundan bilsa boʻladi».

Otamiz sapchib turdi. Cholga peshvoz yurdi. Qoʻli koʻksida boʻldi.
— Assalomu alaykum! — dedi.
— Vaalaykum, bolam, vaalaykum! — alik oldi chol. — Oʻtir, turish darkor emas, oʻtir. Men bir yoʻlovchi odamman. Xoʻsh, bolam, adirlardan ketmay qolding, nima, biror sehri bormi?

Otamiz cholga sinchiklab-sinchiklab tikildi. Aniq bir fikrga kelolmadi.
— Siz Samad bova emasmisiz? — dedi.

Chol rad ma’nosida bosh chayqadi.
— Ha-a, bildim, bildim! — dedi otamiz. — Siz Hasan mirobsiz. Togʻdan suv yoqalab kelayapsiz. Toshloqda sel kelishidan qoʻrqib, qir oshib kelayapsizmi?

Chol qah-qah urdi.

Bulutlar, adirlar kulgidan zirillab ketdi.

Yomgʻir qiyolab-qiyolab yogʻdi.

Yashin toʻlqinlanib-toʻlqinlanib chaqnadi.
— Boʻlmasa, kimsiz? Ayting-da, odamni qoʻrqitmay!

Otamiz chol qoshiga keldi.

Chol olis bogʻlar, paxtazorlarga oʻychan boqib turdi.
— Qani, omonmisiz, esonmisiz..

Otamiz shunday deya, chol qoʻlini kaftlariga oldi.

Chol seskanib qoʻl tortdi.

Otamiz cholni tanidi: hazrati Xizr bobo! Boisi, boshmaldogʻida suyagi yoʻq! U kishining boshmaldogʻi suyaksiz boʻladi!

Hazrati Xizr bobo odamzod mushkulini oson qilajak, hojatini chiqarajak ezgulik piri!

Otamiz oʻzida yoʻq quvondi! Dardiga davo topishday boʻldi! Entikdi! Yayradi!

Ana oʻsha zot, ana! Shu zotning bir ogʻiz soʻzi!

Nima uchun shu zotni vaqtliroq yoʻqlamadi?

Ana, oxiri oʻzlari yoʻqlab keldi! Oʻzlariga oʻzlari aytgan-da, borayin, shunday bir kuygan bandam bor, dardiga quloq solayin, degan-da!

Hazrati Xizr aytsalar, yoʻqdan bor boʻladi!

Hazrati Xizr bobo ogʻrindilar.
— Men yoʻliqqan odamlar ichida eng noma’quli sen boʻlding, — dedilar.
— Men nima qildim, hazrati Xizr bovajonim? — dedi otamiz.
— Qoʻl uzatib, odobsizlik qilding.
— Aybimdan oʻting, hazrati Xizr bovajonim, aybimdan oʻting!

Otamiz tevarakka alangladi. Tevarak ovloq boʻldi.

Umrida birinchi marta... birinchi marta... inson oldida tiz choʻkdi!

Kaftlarini insonga choʻzdi. Yonoqlaridan marjon-marjon yoshlar sizdi...

Dardini yorib-dardini yorib qoʻya berdi:
— Hazrati Xizr bovajonim! Sadagʻangiz ketayin, hazrati Xizr bovajonim, meni avf eting! Men tabib deb chopdim, folchi deb chopdim, nodon-lik qildim, koʻrlik qildim! Avf eting, hazrati Xizr bovajonim! Aslida sizni yoʻqlashim darkor edi! Men qayoqqa borishimni bilmadim-da, qayerda ekani- ngizni bilmadim-da, hazrati Xizr bovajonim! Qola bersa, huzuringizga borishga haddim sigʻmadi! Men bir faqir odam boʻlsam, qanday-da boraman! Endi, ovora boʻlib oʻzingiz kelibsiz, bovajonim! Qulluq, bovajonim, qulluq! Hazrati Xizr bovajonim, men bir shoʻrpeshona bandaman! Tirnoqqa zorman! Eshityapsizmi, tirnoqqa zorman! Nima tilasangiz tilang, manavi choponimgacha sotaman, aytganingizni aytgandayin bajo keltiraman! Menga bir farzand bersangiz boʻldi, hazrati Xizr bovajo-nim!..
— Menga mol-dunyo darkor emas...
— Unda, menga bir farzand bering, hazrati Xizr bovajonim! Dunyodan qoʻli ochiq ketmayin, hazrati Xizr bovajon! Mayli, bizga bittagina Xushvaqt boʻlsa-da boʻladi! Faqirga palov! Bilasizmi-yoʻqmi, Xushvaqt yoʻlida koʻzimiz toʻrt, hazrati Xizr bovajonim!
— Dunyodan koʻp noliy berma...
— Bizni bu dunyoga bogʻlab qoʻygan emas, hazrati Xizr bovajonim! Bir kunmas-bir kun tanamiz soviydi. Shunda, kim bizning isi chirogʻimizni qiladi? Kim otamlab yigʻlaydi? Kim enamlab yigʻlaydi? Birov, hech boʻlmasa birovgina otamlab yigʻlasa ekan, birovgina enamlab yigʻlasa ekan, hazrati Xizr bovajonim!
— Boriga shukur qil.
— Izidan oʻgʻil qoldirib, otasi uchun motam tuttirmagan erkak, erkak boʻptimi! Orqasidan qiz qoldirib, enasi uchun qora kiydirib, aza ochdirma-gan ayol, ayol boʻptimi! Dunyoga keldim deb yurmasinlar. Hazrati Xizr bovajonim! Koʻpga bergan tirnoqni bizdan-da darigʻ tutmang! Menga rahmingiz kelmasada, enasiga rahmingiz kelsin, Hazrati Xizr bovajonim! Poshikasta kuyib-kuyib, adoyi tamom boʻldi, oʻlik boʻlib goʻrda yoʻq, tirik boʻlib toʻrda yoʻq, hazrati Xizr bovajonim!..
— Men senga farzand berganman...
— Berganingiz yoʻq, hazrati Xizr bovajonim, berganingiz yoʻq! Siz meni birov bilan adashtiryapsiz, hazrati Xizr bovajonim! Usta Qulmatga kelbat beraman, oʻsha deyayotgandirsiz-da? Chin, usta Qulmatda farzand bor, oltita! Menda boʻlsa, birovda yoʻq, hazrati Xizr bovajonim!..
— Qanday otasanki, oʻz farzandingni bilmaysan? Hali koʻp-koʻp farzand beraman.
— A? Koʻp-koʻp farzand beraman dedingizmi? Qachon-qachon? Qulluq, hazrati Xizr bovajonim, qulluq! Qani edi, koʻp-koʻp boʻlsa! Oʻnta boʻlsa oʻrni boshqa, qirqta boʻlsa qiligʻi, hazrati Xizr bovajonim!..

Hazrati Xizr bobo koʻzdan gʻoyib boʻldilar.

22

Qosh qoraydi.

Bogʻotda odam oyogʻi tindi.

Otamiz qorovulligidan qaytib keldi.

Onamiz chappa burilib yigʻladi.
— Koʻrgan kunim qursin... — dedi.

Otamiz betini olib qochdi.
— Yigʻlama-ye... Men senga nima qildim... — dedi.

Onamiz aytib-aytib yigʻladi:
— Shu boʻgʻganida oʻlib keta bersam boʻlmasmidi...

Otamiz talmovsirab turib oldi.
— Men boʻgʻdimmi? Men-a? — dedi. — Odamga tuhmat qilma-ye, men adir-da edim.
— Boʻlmasa kim? Robiya hamsoyaning erkagimi?
— Seni boʻgʻdimmi? Seni-ya? Qachon-qachon?
— Dardi chipqon, qachon-qachon!..
— Shu gapingga noma’qulning nonini yebsan. Men hozirgina bogʻotdan keldim.
— Shu kishining esi joyidami oʻzi?
— Esim joyida, ha, esim joyida...
— Esi joyida boʻlsa, shuytadimi?
—Boʻldi-boʻldi. Undan koʻra, suyunchini choʻz...

Otamiz boʻlib oʻtmish gapni aytib berdi.

Ayta-ayta, shiplarga qarab jilmaydi, derazalarga qarab jilmaydi!

Shoʻrvani-da jilmaya-jilmaya ichdi!
—Ha-a-a, beshik-meshiging bormi oʻzi, momosi? — dedi.
— Beshik nima qiladi...
— E, hali beshiging yoʻqmi? Unda, shu bozor Denov borib kelganim boʻlsin!
— Hali vaqtli.
— Vaqtlisi boʻptimi, ehtiyot-da.
— Men oʻzim aytaman...
— Ha-a-a-, sening gaping juft, momosi...

23

Onamiz yuragi oʻynadi, onamiz koʻngli aynidi.

Qoʻllari yuzini ogʻziga tutdi. Osmonga qarab-qarab esnadi:
— A-a-auf, -a-a-auf!..

Otamiz esnashdi oʻzicha tushundi. Oʻzida yoʻq suyundi.

«Ana, hazrati Xizr bovamizning marhamati, ana!» deya xayollandi otamiz.

Otamiz onamizga siporish qildi.
— Endi, oʻzingni ogʻir ishlardan tiy, — dedi. — Xafagarchiliklardan saqlan. Toʻyib-toʻyib uxla. Koʻnglimda sen uchun atab yurganlarim bor. Kuni kelsin, aytaman.
— Nima ekan, u?
— Hali-hozir aytmayman. Kuni kelsa, aytaman.
— Aytsin, hozir aytsin.
— Yoʻq, boʻlmaydi. Aytsam, sen birovga aytib qoʻyasan.
— Aytmayman, aytsin, aytmayman.

Otamiz derazaga qarab-qarab:
— Qoʻshiq aytib beraman, — dedi sokin.

Onamiz hayrondan-hayron boʻldi.
— Nima-nima? — dedi.
— Qoʻshiq aytib beraman, deyman... — dedi, tagʻin-da sokin-sokin.

Onamiz ogʻzini ushlab kuldi.
— Shu kishi qoʻshiq aytadimi? — dedi.
— Esa-chi...

Onamiz piq-piq kuldi.
— Shu kishi-ya?
— E, bizga nima qipti?..

Onamiz bolishga yumalab kuldi.

24

Otamiz adirlarga sigʻmay qoldi!

Yoʻlda horib qoladi deya, onamizga tushlik tashittirmadi.

Oʻzi kelib ketar boʻldi.

Boʻlar-boʻlmas gaplar aytib, onamizni kuldirib-kuldirib turdi.

Kunlar ketidan kunlar oʻtdi, tunlar ketidan tunlar oʻtdi.

25

Otamiz tun chirogʻini yoqib yotdi.

Uy nimqorongʻi boʻldi.

Otamiz chalqanchadan yonbosh boʻldi. Onamizga oʻgirildi. Bilagini onamiz boʻyni ostidan oʻtkazdi. Onamiz yuzlarini quchogʻiga oldi.

Otamiz chap qoʻli Xushvaqtning ilk... ilk beshigiga ketdi. Qoʻli beshik boʻylab yurdi, beshik uzra yurdi. Bir yuqoriladi, bir pastladi.

Kafti muloyim-muloyim olamni qayta-qayta siladi. Siladi-siladi, bir manzilda oyoq ildi... Yoʻq, yoʻq...

Kafti tagʻin quyiladi-yuqoriladi. Oʻng-u chapga borib keldi. Kafti yugurdi, kafti yeldi, kafti izladi... Yoʻq, yoʻq...

Otamiz ilk beshikka qoʻlini yuzini tutdi. Bor e’tiborini, bor diqqatini qoʻli ixtiyoriga berdi. Yuragini qoʻli yuziga jo qildi... Yoʻq, yoʻq...

Oʻng qulogʻini onamiz koʻkraklari ostiga qoʻydi. Nafasini yutdi. Bir lahza qotib qoldi.

Qulogʻi ostida onamiz yuragi duk-duk urdi...

Ilk beshik bor! Toʻqqiz oy-yu, toʻqqiz kunlik muloyim olam bor!

Xushvaqt yoʻq, Xushvaqt!

Otamiz hafsalasi pir boʻldi... Onamiz yuziga yuzini qoʻydi...

Onamiz piq-piq yigʻlab qoʻya berdi.
— Yigʻlama, boʻladi. Hazrati Xizr bovamiz aytdilar-ku...

Otamiz shunday deya, oʻzini-da, onamizni-da ovutdi.

Onamiz otamiz bilan tagʻin-da jipsroq yotdi. Soqollariga yuzlarini siladi.

Olis ayriliqdan keyin koʻrishmishdayin, bagʻridan qoʻyib yubormadi.

Olis sogʻinishdan keyin koʻrishmishdayin, bot-bot oʻpdi.

Erkalatishlardan armoni qolmadi...
— Ertaga bozorlab kelmaydimi?
— Bozorlaganim boʻlsin!

26

Onamiz sahar mahali otamizni uygʻotdi.

Otamiz bozor otlandi.

Onamiz zim-ziyo olamga boqdi...

Oy hali tugʻmadi. Shu bois, olam zimiston boʻldi. Onamiz oy tugʻajak tarafga qarab turdi-turdi-da... oʻzini oyga mengzadi, taqdirini olamga mengzadi!

«Oy-da mendayin tugʻmadi. Olam-da taqdirimdayin zim-ziyo boʻldi...» deya oʻksidi.

Onamiz otamiz bilan xoʻshlashdi.
— Mayli, xush borsin-xush kelsin, — dedi.

Otamiz zim-ziyoga singib ketdi.

Onamiz darvoza qirrasiga peshonasini qoʻydi. Oʻksib-oʻksib yigʻladi...

Koʻchada echki ma’radi.

Onamiz qayrilib qaradi.

Echkilari koʻchaga tizilib chiqdi.

Onamiz echkilarni ichkari qaytardi. Darvozani ichkaridan zanjirladi. Zanjirdan choʻp oʻtkazdi.

Supaga kelib oʻtirdi. Peshonasini tizzalariga qoʻydi.

Tagʻin yigʻladi...

27

Bari gap Termizda hal boʻldi.

Oʻshanda doʻxtir onamizga bor gapni aytdi. Otamizga aytmish gap... teskarisini aytdi!..

Onamiz doʻxtir gapiga ishonmadi. Otamizdan pinhona Denov doʻxtirlariga bordi. Oʻzini sinchiklab-sinchiklab qaratdi.

Denov doʻxtirlari-da Termiz doʻxtirlari aytmish gapni aytdi.

Onamiz otamizga bildirmadi. Ayollar bilan Denovdan baliq yeb keldim, dedi.

28

Onamiz ichiga yutib yurmish dardlari oʻsha kundan e’tiboran koʻzlarida balqib qoldi.

Yurakni yashirsa boʻladi. Boisi, yurak koʻrinmaydi. Yurak jamiki dardlarni pinhon tutadi.

Ammo koʻzlarni yashirib boʻlmaydi. Koʻzlar oʻzini oʻzi fosh etadi.

Shunday boʻlsa-da, otamiz payqamadi!

Otamizga ochiq-oydin aytsinmi? Qanday aytadi? Aytish, oʻzini oʻzi inkor qilish boʻladi! Ayollik sha’nini yoʻqqa chiqarish boʻladi!

Keyin ayolman deb yurmasa-da boʻladi!

Mabodo aytsa, gap chiqadi, elga yoyiladi...

Yoʻq, ikki dunyoda-da aytmaydi!

U bir erkak, zoʻr bir erkak baxtini bogʻlab yuribdi!

Erkak hademay ellikka kiradi. Erkak orzularga toʻla, erkak umidlarga toʻla!

Erkak tinimsiz yelib-yuguradi, erkak intiq boʻlib qaraydi, erkak izlaydi! Koʻngil mevasini izlaydi! Shu mevani topajagiga ishonadi, qoʻliga olib oʻynatajagiga ishonadi! Yuzlariga, bagʻirlariga bosajagiga ishonadi!

Ana, erkak beshikka ketdi! Hademay, beshik koʻtarib keladi!

«Momosi, mana, Xushvaqtning beshigi...» deydi.

Aniq shunday deydi!

Onamiz boʻlsa... aldaydi! Koʻra-bila turib aldaydi, yonma-yon yotib aldaydi, koʻzlariga tik qarab aldaydi!

Kimni aldaydi? Umrida koʻz ochib koʻrmish suyuklidan-suyukli odamini aldaydi!

29

Tong tagi oqarib-oqarib kela berdi.

Onamiz molxona tarafga yurdi.

Mol-hollarga qaradi. Sigir sogʻdi. Buzoq emizdi. Mol-holni podaga haydadi.

Qoʻshiq aytib-aytib sogʻmish mollari, xoʻsh endi!

Onamiz katak ogʻzida turmish toshni oldi.

Katakda yotmish tovuqlar hadeganda chiqa bermadi. Ichkarida qurq-qurqlab tura berdi.

Onamiz enkaydi. Katak ichiga qaradi.

Moyak tugib bermish tovuqlari, xoʻsh endi!

Onamiz oshxonada xiyol turdi. Tevarakni qaradi. Sirgʻalib tushmish dokani tagʻin toboqlarga yopdi. Tagʻin tushib ketmasin deya, doka burchlarini toboq ostiga bostirdi. Taom yuqi idish-toboqlarni qatron qilib yuvdi.

Kelin boʻlib, oʻt yoqmish oʻchoqlari, xoʻsh endi!

Kelin boʻlib, moy tomizmish qozonlari, xoʻsh endi!

Onamiz tandir boshiga keldi, roʻmoli uchlarini yelkalariga tashlab enkaydi. Tandirga qaradi. Tandirga suyogʻlik otashkurakni oldi. Otashkurak bilan uyum-uyum tandir kulini oldi. Tandir ogʻzini yopib qoʻydi.

Kelin boʻlib non yopmish tandirlari, xoʻsh endi!

Onamiz eshik-orani supurdi. Uy shiplarida osilib turmish qora qurumlarni olib tashladi. Derazalarni yaraqlatib artdi. Uylarni supurib-sidirdi. Yuk-yoplarni kelishtirib-kelishtirib taxladi.

Kelin boʻlib kelmish uylari, xoʻsh endi!

Onamiz zinada choʻnqayib oʻtirdi.

Tagʻin yigʻladi. Oʻpkasini bosolmay yigʻladi. Hiq-hiq yigʻladi.

30

Oftob olmalar uchini chalib yubordi.

Onamiz roʻmoli uchlari bilan bet-boshini oʻradi.

Darvoza taraf yurdi. Darvozadan tashqariladi. Devordan boʻyladi. Qadrdon hovlisiga qaradi. Soʻnggi... soʻnggi bor qaradi...

Ohista-ohista yurdi-yurdi, tagʻin oyoq ildi. Ketiga qayrilib qaradi.

Shunda, izidan iyarib kelmish Olapar itini koʻrdi.
— Qol, qol! — dedi.

Olapar besh-olti qadam qoldi. Ammo, tagʻin iyarib keldi.

Onamiz oyoq ilsa, Olapar-da oyoq ildi. Onamizga qarab-qarab tura berdi.

Onamiz hafsalasi pir boʻldi. Yoʻlida davom etdi.

Onamiz toʻlib-toshib odimladi, bosar-tusarini bilmay odimladi!

Poyidagi mana bular qator-qator uylarmi?

Yoʻq, bular mayda-mayda oq toshlar! Rangli-rangli kesaklar!

Onamiz toshlar bilan kesaklarni yanchib-yanchib odimladi!

Mana bular nima? Teraklarmi? Tutlarmi?

Yoʻq, bular nogiron-nogiron giyohlar!

Onamiz giyohlarni ezib-ezib odimladi!

Hay, boʻy bermish togʻlarmi?

Yoʻq, togʻlar emas, yoʻq! Bular bolalar oʻynayajak hammompish uylar!

Onamiz hammompish uylarni bosib-bosib odimladi!

Togʻlardagi qorlar... qop-qora boʻldi!

31

Bu vaqt otamiz Qizilsuv boʻyiga kelib qoldi.

Loyqa daryo yoqaladi, sayoqroq kechuv izladi. Tavakkal qildi, bir yoymadan ot soldi.

Daryo ot qornini yuvib-yuvib oqdi.

Otamiz kechuvdan chiqdi. Daryo boʻyida joylashmish loyqoʻrgʻon sari koʻtarildi.

Otini qoʻrgʻon oldi otxonaga boyladi. Taroqi xurjunni buklab-buklab qoʻltiqladi.
— Bismillohi rahmoni rahim! — deya bozor oraladi.

Bozor tumonat odam boʻldi. Qadam bosadigan yer taxchil boʻldi.

Havoda kabob, somsa, manti hidi anqidi.

Sonsiz ovozlar quloqni garang qiladi. Kim gapiryapti, kimga gapiryapti, nimani gapiryapti, bilib boʻlmadi.

Bozor sonsiz chumchuqlar gʻimirsib chirqillayotgan uyaday boʻldi!

Otamiz bozorchilar bilan toʻqnashib-toʻqnashib yurdi, turtinib-turtinib yurdi.

Favqulodda pillachi agronomga duch keldi.

Agronom otamizni koʻrib-koʻrmaslikka oldi.

Otamiz agronom bilagidan qoʻshqoʻllab ushladi.

Agronom yalt etib oʻgirildi.
— E-e, Qoplon aka! Bozorlabsiz-da? — dedi.

Otamiz qoʻltigʻidagi xurjunga ishora qildi.
— Tirikchilik, ha, tirikchilik! — dedi.
— Ha-a, ma’qul-ma’qul!

Agronom yoʻlida davom etdi.

Otamiz agronom ketidan qarab-qarab qoldi.

«Befahm! Diplom boʻlgan bilan, farosat boʻlmagandan keyin, qiyin ekan-da...» deya oʻyladi.

Yoʻlida davom etdi. Mayiz bozorini yonlab yurdi.

Mayizchilar tizilib oʻtirib ovoz berdi:
— Kep qoling. Hoʻjasoatning mayiziga!
— Arzon qildim, kilosi oʻn soʻm!
— Sinoning mayizi shoʻr boʻladi, Xoʻjasoatnikidan qolmanglar, misol uchun!

Otamiz oxirgi gapni aytmish Yoʻldosh qorovulni tanib qoldi. Yoʻlini atayin qorovul oldidan soldi. Qorovul oldida atayin ohista-ohista odimladi. Atayin qirinib-qirinib yoʻtaldi.
— Yoʻlingiz unsin, Qoplon aka! — dedi Yoʻldosh qorovul.

Otamiz goʻyo, favqulodda koʻrishib qolmishday, yuzlari yorishdi.
— E, ha, inim, bozoringiz unsin! — dedi.
— Aytganingiz kelsin! Qani, bundaygina yuribsiz, misol uchun?

Otamiz qoʻli bilan xurjunni koʻrsatdi.
— Tirikchilik, mana, tirikchilik! — dedi.
— Hozir yoʻl boʻlsin, misol uchun?

Otamiz... otamiz niyatiga yetdi!
— Shu, beshik bozoriga borayapman, Yoʻldosh inim! — dedi.
— Ana-ana! Buyursin, buyursin, misol uchun!

Otamiz tagʻin-da ochildi.
— Qulluq-qulluq! — deya bosh irgʻadi.
— Aytganday, toʻngʻich nevaramizni koʻrayapsiz-da, misol uchun?
— Shunday, shunday!

Yoʻldosh qorovul oʻylanib qoldi. Bir nima demoqchi boʻldi. Ogʻiz juftladi-da, yana tagʻin indamadi.
— Bir nima demoqchi boʻldingiz shakilli, inim?— soʻradi otamiz.
— Endi, Qoplon aka, yoshingiz ulugʻ, sizga oqsoqolchilik qilib boʻladimi, misol uchun!
— E, oqsoqolchiligi boʻptimi, ayta bering-da!
— Misol uchun aytsam, eski beshik yaxshi, aka! Ayniqsa, serfarzandlarning beshigini olsangiz, nur ustiga nur boʻladi, misol uchun!
— Unda, beshik olmaganingiz ma’qul, deysiz-da?
— Ha-da! Mana, biznikini olib turing, misol uchun!
— Unda, sizning aytganingizga yurdim, inim!..

Otamiz iziga burildi.

32

Doʻkonlarni aylandi. Olmasa-da, ayrim narsalar narxini soʻrab-surishtirdi.

Doʻkonlarni aylandi-aylandi, kitob doʻkoniga kelib qoldi.

«Eh-he-e-e! — dedi ichida. — Buncha koʻp qogʻoz!»

Endi ketmoqchi boʻlib edi, ichkaridan bir qiz chiqib keldi.
— Ha, bova, qanday kitob berayin? — dedi.

Otamiz, yoʻq degan boʻlib bosh chayqadi.
— Oʻgʻilmi, qizmi? Necha yoshda?

Otamiz ketishini-da bilmadi, ketmasini-da bilmadi. Nima deyishini-da bilmadi!
— Oʻgʻil! — deb yubordi.

Qiz tokchadan katta kitob olib uzatdi.
— Mana shuni oling, — dedi.

Otamiz kitob yuzini tomosha qildi.

Kitob yuzida ulkan mushuk choʻnqayib oʻtirdi.

«Kitob ana shu mushuk haqidadirov...» deya oʻyladi.

Kitobni qaytib berdi.

Turdi-turdi, oʻylab qoldi. Chindan-da kitob olib borsa boʻlmaydimi? Xushvaqt katta boʻlsa oʻqiydi-da?..

Otamiz eshitgan-bilgan kitoblarini bir-bir yodga oldi.
— Shu, Kumushbibidan bormi? — dedi.
— Qanaqa Kumush?
— Haligi, margʻilonlik Kumushbibi.
— Yozuvchimi?
— E, yoʻgʻ-e, haligi... Otabekning qayligʻi-chi?
— Ha-a, «Oʻtgan kunlar» deng. Bor, bor.
— Shundan ber, Kumushbibidan ber.

Qiz kitobni topib keldi.
— Otabek kerak emasmi? — deya jilmaydi.
— Kumushbibi qayerda boʻlsa, Otabek-da shu yerda boʻladi-da.

Otamiz doʻkondan choyxonaga yoʻl oldi.

Ikki kilo qovurilgan baliq oldi. Yarmini oʻzi tushlik qildi. Yarmini qogʻozga oʻrab, xurjunga soldi.
— Ayolimizga, — dedi oʻzicha.

33

Otamiz hamsoya-qoʻllarnikiga ovoz berdi.
— Ay, hamsoya, oʻsha yoqda bizniki yoʻqmi? — dedi.
— Bugun koʻrmadik, — javob berdi hamsoyalar.

Birov-yarim bilan gap sotib oʻtiribdi-yov deya, hovuzdan xabar oldi.

Hovuzda-da boʻlmadi.

Supaga choʻnqaydi. Ayoli yoʻliga qaradi. Darvoza tiq etsa qaradi.

Qosh qoraydi.

Mollar podadan qaytdi.

34

Otamiz toqati toq boʻldi.

Qahr bilan otlandi. Qaynogʻasinikiga yoʻl oldi.

Ostonada otdan tushmay ovoz berdi.
— Ay, bu yoqqa bir qaranglar! — dedi.

Ichkaridan ayol ovoz berdi.

Derazadan toʻkilmish nurni bir soya kesib oʻtdi.

Ostonada qaynagachisi qora berdi.
— Shu yoqqa bizniki keldimi? — soʻradi otamiz.
— Keldi, qani, ichkarilang, — dedi qaynagachisi.
— Yomon...

Otamiz: «yomon xotinning uyi koʻp, poraxoʻrning goʻyi koʻp», deya uzib-uzib olmoqchi boʻldi.

Ammo, ayoli ogʻiroyoq arafasida ekanini oʻyladi. Shashtidan qaytdi.
— Mehmon degan qosh qorayguncha oʻtira berar ekan-da. Roʻzgʻor deganni-da oʻylaydi-da...— dedi.

Qaynegachisi ichkarilab qaytdi.
— Bormayman, deyapti, — dedi.
— Nima-nima deydi?
— Bormayman, keta bersin deyapti.
— E!..

Otamiz otdan tushdi. Otni darvoza ustuniga bogʻladi. Ichkariladi.

Shu vaqt derazadan toʻkilmish nurni tagʻin bir soya kesib oʻtdi.

Galdagi uy derazasi yorishdi.
— Qani? — dedi otamiz.
— Ana, narigi uyga oʻtib ketdi, — dedi qaynegachisi.

Otamiz qaynegachisi koʻrsatmish uyga kirib ketdi.

Xiyoldan keyin qaytib chiqdi.

Qaynegachisi qoshiga keldi.

Boshi bilan onamiz oʻtirmish uyga imo qildi.
— Anaviga nima boʻldi? — dedi.
— Bilmasam.
— Gapirsam, miq etmaydi?
— Kim biladi. Ertalab oʻzi kirib keldi. Endi uyimga bormayman, dedi. Soʻrab edim, indamadi.
— Yo, biron nima deb aynitdingizmi?

Qaynegachisi bir parda koʻtarildi.
— Ha, qaynsinglim kun sayin yasharib kelayapti! — dedi. — Sizdan aynitib, oʻn sakkiz yashar boʻzbolaga beraman!
— Boʻlmasa, nimaga bunday qiladi?
— Men ne bilaman? Ana ayolingiz, ana siz! Gaplasha bering-da!

Otamiz tagʻin onamiz oldiga kirib ketdi.

Bu safar koʻp qolib ketdi.

Bir mahal, eshik qarsillab-qarsillab yopildi.

Qaynegachi derazadan tashqari qaradi.

Hovlida otlanayotgan kuyovini koʻrdi.

V

Kavkabistonda oy balqidi.

Oydin sutga chayganday oppoq boʻldi.
— Koʻzlaringga boqishlarim... boqishlarimizning oʻzi bir doston, momosi. Bovujud, shoirlar bilmadi, bilsa, elga yoyardi... Men senga aytsam, momosi, boqishlar-da hali oʻzimizniki...

Olis-olis oydinlar.

Olis-olis oqshomlar.

Endi qaytib boʻlmas olis bir olam...
— Gohida atayin oʻyda oʻtiraman, momosi, bolalar meni yoʻq deb oʻylaydi, devordan oshib kiradi. Zardolilarga chiqadi, toʻygunicha yeydi. Qoʻyinlarini toʻldirib ketadi. Men yayrab-yayrab qarayman... eshityapsanmi, momosi, bizning zardolilarni bolalar yeyapti, bolalar! Shu, koʻcha yuzlariga-da mevali daraxtlar eksammi deyapman, momosi. Oʻtgan-ketganning ogʻzi tegadi-da, bolalar yeydi-da...

1

Otamiz yolgʻiz yashadi.

Achchigʻi tarqalguncha ayoli yoʻqligi bilinmadi.

Keyin-keyin bilindi.

Ayolini qoʻmsab-qoʻmsab entikdi. Bolishni bagʻriga bosib-bosib entikdi. Hovlini aylanib-aylanib entikdi...

Ayoli xumor qildi!..

Otamiz otlandi. Yoʻlga tushdi. Zim-ziyo koʻchalardan yurdi.

Qaynogʻasi devori oldida oyoq ildi. Devordan boʻyladi.

Zim-ziyo hovliga bot-bot qaradi. Entikib-entikib qaradi...

Ayoli havosini olib-olib qaytdi...

2

Oʻyladi-oʻyladi, togʻasini qaynogʻasinikiga yubordi.

Togʻasi kuyinib-kuyinib qaytib keldi.
— Koʻr boʻl, ha, koʻr boʻl! — deya yer mushtladi. — Koʻrgina boʻl!..
— Ogʻzingga tosh-e! — dedi xolasi.

Togʻasi tagʻin yer mushtlab-yer mushtlab kuyindi:
— Otang rahmatlik aytdi, enang rahmatlik aytdi, ajrash, turmushing turmush boʻlmaydi, dedi! Aytganlari keldimi? Mana, keldi! Oʻzingning umringni oʻzing koʻkka sovurding! Uyam oʻylagan-da...
— Nimani oʻylagan-da? — dedi otamiz.
— oʻylagan-da, erkak odamning qaygʻusi bolami, oʻzim ketib, peshonamni bir sinab koʻrayin degan-da!
— Ketsa, keta bersin! — dedi xolasi. — Ayoli topiladi! Poʻlat pichoq qinsiz qolmaydi!..

«Yo, chini bilan u shunday oʻyga bordimikin-a?»

Otamiz xayolidan shu gap oʻtdi.

Oʻtirdi-oʻtirdi, dadil ham kesib gapirdi:
— Boʻpti, endi yangi roʻzgʻor qilganim boʻlsin.

3

Togʻasi xesh-tabor bilan kengashdi, maslahatlashdi.

Otamizga ayol qidirdilar.

Ikkita ayol topdilar. Ikkovini-da eri mashina falokatida ketibdi.

Biri oʻttiz beshlarda, farzandsiz boʻldi. Biri qirqlarda, qoʻsh farzandli boʻldi.

Xolasi ra’ykorchilik qildi.
— Eshik koʻrganni olma, beshik koʻrganni ol! — dedi. — Oygul binoyi, farzandi bor...

Togʻasi sovchilikka yoʻl oldi.

Ayol boʻlmish ota-onasini koʻndirdi. Ayol boʻlmish bolalarini koʻrdi.

Bolalar bir-biridan suyumli boʻldi!
— Yaxshi boʻldi, jiyanimizga farzand boʻladi, — dedi togʻasi.

4

Onamiz, otamiz yangi roʻzgʻor qilayapti, deya eshitdi.

Onamiz kuyib-kuyib ketdi!

Deraza tokchasiga tirsakladi.
— Goʻrga boʻlsa, menga nima... — deya pichirladi.

Kaftini iyagiga qoʻydi. Boshini chapga xiyol qiyshaytirdi, tashqariga tikildi.

Yuzlari lov-lov etdi. Yonoqlari bulk-bulk uchdi. Koʻkraklari osti oʻpirilib tushayotganday boʻldi. Oʻpirilish koʻksini borgan sayin quyiga bosdi.

Buni ogʻriq-da deb boʻlmaydi, gʻashlik-da deb boʻlmaydi.

Goʻyo, koʻkraklari ostida zilday bir nima ipda osilib qoldi. Bordi-yu, iplar uzilsa, qomatini koʻtarib turmish zilday nima yerga tushadi, chil-chil boʻladi...

5

Koʻkragi ostidagi zilday nima birdan toshday qotib qoldi.

Onamiz kerishdi. Shunda-da boʻlmadi.

Qotib qolmish nima yumshab-da ketmadi, tushib-da ketmadi.

Onamiz uqalamoqchi boʻldi. Barmoqlari borishi bilan koʻkrak etlari pir-pir uchdi. Etlari oʻzini olib qochdi.

Onamiz endi barmoqlarini olisroqdan olib bordi, avaylab olib bordi. Kafti bilan ohista-ohista uqaladi. Koʻzlarini yumib uqaladi.

Koʻkraklari ostida barmoqlari soyasini his etdi.

Nihoyat, koʻksini gʻijimlamish zilday nima qoʻyib yubordi.

Peshonasidan sovuq-sovuq terlar oqdi.

Oʻtirdi-oʻtirdi, miyigʻida kuldi. Bir gapni ma’qullamishday, bilinar-bilinmas bosh irgʻadi.

Ich-ichidan kuya-kuya:
— Uylansa, oq butum qora kuyarmidi... — deya pichirladi.

6

Ayol zoti azzancha oʻziga toʻq boʻlsin, yegan-ichgani oldida boʻlsin, azzancha serurugʻ boʻlsin, seravlod boʻlsin, baribir... baribir, oʻz oti oʻzi bilan... zaifa boʻladi!

Shu bois, ayol zoti hamisha boshida panohi boʻlishini xohlaydi.

Ayol zoti azzancha oʻziga mustaqil boʻlsin, magʻrur boʻlsin, baribir, ana shu panohiga bosh egib yashaydi.

Bosh panohi amaldormi? Bosh panohi kambagʻalmi? Koʻrmi yo kalmi? Bosh panohi mayibmi?

Baribir, ayol zoti uchun baribir!

Koʻmirchi boʻlsin, temirchi boʻlsin, toʻrt devor ichida suyukli boʻlsin!

Ayol zoti ana shu bosh panohiga suyanib yashaydi!

Boshi ochiq...

Ayol zoti azzancha xoʻrlikni koʻtaradi, azzancha tahqirlashni koʻtaradi. Ammo «boshi ochiq», degan gapni koʻtarolmaydi!

«Oʻnta oʻgʻlim boʻlmasin... cholim oʻlmasin», demish gap, ayollar yuragidan otilib chiqqan boʻladi!

Bu dunyoga kimni boylab qoʻyib edi-da, ayol zotini boylab qoʻyadi?

Dard bor, bosh yostiqqa tegish bor.

Ana shunda, suyab turgʻizajak tanmahram kunga yaraydi. Ana shunda, ogʻizga suv tomizajak tanmahram kunga yaraydi.

Erkak zoti yomon boʻlib tugʻilmaydi! Qarsak ikki qoʻldan chiqadi!

Oʻzi yaxshilab oladi! Nima desa, xoʻp deydi! Qoʻlini kosov qiladi, sochini supurgi qiladi!

Mayli, bolalari onamizni oʻz onasi oʻrnida koʻrmasa-da, mayli! Ammo onamiz ularni oʻz bolasi oʻrnida koʻradi! Bir onachalik qaraydi!

U kishi ana shunday bir erkakdan umidvor boʻldi!

7

Otamiz qaynogʻasi darvozasida oyoq ildi. Uzangidan oyoq oldi. Otini yetaklab ichkariladi.

Ichkarida jamoa jam boʻldi.

Otamiz jamoa bilan yuzma-yuz boʻldi. Yugan tutamlab, dol turdi.

Salmoqlab-salmoqlab, ayoli javobini berdi:
— Ikki taloq! Boʻldimi? — dedi.

Deraza oldida oʻtirmish Oymomo onamiz oʻz javobini eshitdi.

Onamiz akasi muztar boʻlib qotib qoldi.

Hamsoya-qoʻllar achinish ham qaygʻurish bilan bosh chayqadi.
— Qaynsingilginam umri xazon boʻldi! Boshqa erkakka tushganida haligacha nevarali boʻlardi!

Bu gapni onamiz yangasi aytdi.

Hamsoya-qoʻllar dalda berdi:
— Taqdir-peshona ekan-da, kim oʻylabdi deysiz...
— Hali joyi chiqadi!
— Joyi chiqsa, beramiz!
— Hali qoʻchqordayin-qoʻchqordayin oʻgʻillar koʻradi!
— Hali popukdayin-popukdayin qizlar koʻradi!
— Teshik munchoq yerda qolmaydi!..

8

Otamiz jamoadan koʻzini olib qochdi.

Yerga qaradi. Mungʻayib qoldi.

Yer ostidan togʻasiga qarab-qarab oldi.

Oʻzini juda-juda yomon sezdi. Oyogʻi ostida yer bormi-yoʻqmi, bilolmadi. Oʻzini omonat sezdi.

Mungʻaymish koʻyi ketiga qayrildi. Yerdan koʻz olmay ot yetakladi. Ohista-ohista odimladi. Yer sungalab-yer singalab odimladi. Mungʻayib-mungʻayib odimladi.

Bosh koʻtarish uchun majoli-da qolmadi, haddida qolmadi! Bosh koʻtarish uchun botinolmadi!

Ichkaridan togʻasi ovozini eshitdi.
— Endi, bari xudo tarafdan, quda, — dedi togʻasi. — Siz ham, biz ham aybdor emasmiz. Endi, kelin boʻlmish yuk-yoplarini olib kelish uchun borasizlarda. Oʻzim boshida turib, ipidan ignasigacha boʻlib beraman...

Otamiz yer ostidan ketiga qaradi. Yurak-bagʻri haminqadar ezilib-ezilib ketdi!

Hamisha qayqayib-qayqayib yurmish oti, hamisha koʻkrak kerib-koʻkrak kerib yurmish oti... boshi xam boʻlib-xam boʻlib qadamladi! Yerga tumshuq berib-tumshuq berib qadamladi! Yerga koʻz tikib-koʻz tikib qadamladi!

«Yomon boʻldi, koʻp yomon boʻldi, — xayollandi otamiz. — Endi shuni, shu jonivor bilmasa nima qipti?»

Otamiz hadahaladi. Darvozadan tashqariladi.

Uzangiga oyoq ildi. Otiga qamchi urdi.

9

Otamiz chayladan adoqladi.

Adir adogʻida qantarilmish otini mindi. Uyiga yoʻl oldi.

Darvozani ochdi. Koʻchada sochilib yurmish mol-hollarni ichkari kiritdi. Mol-holga qaradi. Otini oxuriga boyladi.

Hovli oʻrtasida serrayib qoldi.

hovli zim-ziyo boʻldi. Milt etmish shu’la boʻlmadi.

Ichkarilab, uy chirogʻini yoqdi. Koʻrpachaga choʻzildi. Etigi qoʻnjidan qamchini oldi-da, ohista-ohista etik qoʻnjiga urdi, koʻrpachaga urdi, devorga urdi.

Yotib yotolmadi, uxlab uxlolmadi.

Tagʻin tashqariladi.

Bir qurbaqa sapchib-sapchib keldi. Derazadan toʻkilmish nurda toʻxtadi.

Nur, otamiz gʻashini keltirdi. Ichkarilab, chiroqni oʻchirib keldi.

Tok vayishi ostida choʻk tushdi. Oyoqlarini chalishtirdi. Joylashib oʻtirdi. Vayish ustuniga yagʻrin berdi. Boshini-da ustunga qoʻydi.

Boshi uzra nazar soldi. Qop-qoraymish vayishga tikildi. Tikildi-tikildi, koʻzlari ilindi...

Xoʻrozlar qichqirigʻidan, buzoqlar ma’rashidan uygʻondi.

Tobora yorishib kelmish osmonga qaradi. Mungʻayib-mungʻayib qaradi. Gʻaribona-gʻaribona qaradi...

Otasi bor edi, otasiga suyanar edi. Otasi qazo qildi.

Ayoliga suyanib qoldi.

Onasi bor edi, onasiga suyanar edi. Onasi-da ketdi.

Tagʻin ayoliga suyanib qoldi.

Endi, yolgʻiz suyanchigʻidan-da ajraldi. Yolgʻiz yupanchidan-da ajraldi. Yolgʻiz yupanchidan-da ajraldi. Yolgʻiz panohidan-da ajraldi.

Toʻrt tarafi qibla boʻlib qoldi!

Endi... Manavi ustunga suyanib qoldi!

10

Otamiz otiga qaradi-yurdi.

Qoʻylar yemish dardida otamizga suykaldi.

Otamiz qoʻylarni turtib-turtib tashladi, jerkib-jerkib tashladi.

Otini egarladi, tashqari yetakladi.

Darvozani tashqaridan qulfladi. Egar qoshidan oldi, uzangiga oyoq ildi.

Ot shaxdam-shaxdam qadamladi.

Tong yellari hur-hur esdi.

Otamiz tegirmon oldidan yoʻl oldi.

Tegirmon ostidan shovullab otilmish suv yoʻlni koʻndalang kesib oqdi.

Otamiz kechuvda jilovni boʻsh qoʻydi.

Ot bosh koʻtarmay-bosh koʻtarmay suv ichdi.

Shunda:
— Assalomu alaykum, Qoplon aka! — demish ovoz keldi.

Ovoz qayoqdan keldi, suv shovullashida bilib boʻlmadi.
— Men bu yoqdaman, misol uchun! — dedi ovoz.

Otamiz tegirmon supasida turmish Yoʻldosh qorovulni koʻrdi.

Qorovul bel bogʻidan qoʻshqoʻllab ushladi. Kulib-kulib qarab turdi.
— Tegirmonga keldingizmi, misol uchun? — dedi.

Otamiz nima deyishini bilmadi.
— Shunday, shunday... — deya bosh irgʻa- di.

Yoʻldosh qorovul tap etib supadan tushdi. Otamiz bilan koʻrishib-soʻrashdi.
— Bugʻdoyingizni qaysi burchakka qoʻyib edingiz, misol uchun? — dedi.
— Nima edi?
— Bugʻdoyingizni ichkaridan topib olaman-da, tegirmonga solaman, misol uchun. Tushgacha tegirmondan chiqadi. Tushda kelib otga ortib keta berasiz, misol uchun.
— Yoʻq...
— Yoʻgʻi boʻptimi, misol uchun. Bogʻqorovul boʻla turib, tushgachayin oʻtira berasizmi? Uzumlaringizni chumchuq yeb ketadi, misol uchun! Mana biz oʻtirsak, boʻla beradi. Biz makkajoʻxori qorovuli. Makkajoʻxorini it yeydimi, misol uchun...

Otamiz xoʻrsindi. Tevarakka alangladi. Yoʻl boʻyi simyogʻoch simlarida tizilib turmish qaldirgʻochlarga tikildi.

Yoʻldosh qorovul, otamiz istihola qilayapti, deya oʻyladi. Tagʻin gapga tushdi.
— Navbatda turganlar janjal qiladi, deb oʻylayapsizmi, misol uchun? Chin, tegirmon navbati bilan, deydilar, misol uchun. Lekin men tegirmonchi bilan gapirishaman-da. Shunday-shunday, deyman-da, misol uchun...

Otamiz qamchi sopi bilan qaldirgʻochli simlarga ishora qildi.
— Shu simlarda tok bor-a? — dedi.
— Ha, tok bor, misol uchun.
— Unda, nimaga qaldirgʻochlarni tok urmaydi?
— Shuni bilmadim-a, misol uchun. Chopib borib, Nikolay montyordan bilib kelayinmi, misol uchun?

Ot suvdan bosh koʻtardi.

Otamiz otni tizzalari bilan niqtab haydadi.

Ot suv sachratib-suv sachratib kechuvdan oʻtdi.

Otamiz yoʻlida davom etdi.

Yoʻldosh qorovul otamiz ketidan qarab qoldi.

11

Otamiz tegirmondan olisladi.

Tonggi havodan badanlari junjikdi. Choponi oʻngirlari yonlariga yoyildi.

Bor vujudi bilan, bor tani bilan... qoʻmsash qoʻshigʻini aytdi...

Ulkan tol tevaragini bir aylanib oyoq ildi. Yerga tushdi. Otini tol tanasiga boyladi.

Yelkasidan nafas oldi. Badanlari qizidi. Yoqalarini ochdi.

Azim yongʻoq ostiga bordi. Yongʻoq tanasiga suyanib oʻtirdi...

12

Poyida buloq suvlari tiniq oqdi, sokin oqdi.

Poʻst tashlamish yongʻoqlar buloqqa choʻlp-choʻlp tushdi. Buloqda qalqib-qalqib oqdi...

Otamiz buloqdan hovuchlab-hovuchlab oldi. Ogʻzini chaydi. Yuziga sepdi. oʻzini sovutdi.

Buloq boʻyidagi kiyik oʻtlarga termilib oʻtirdi-oʻtirdi... Eslash qoʻshigʻini aytdi...

13

«...Zardoli bargi misol qayrilma oy, bulutsiz oqshom osmonida havolandi.

Oqshom tagʻin-da oppoq, tagʻin-da nafis boʻldi.

Qovjirab yotmish qiyoq oʻtlar shamolda chayqaldi. Shamolda ayqashdi, ajib tovush berdi.

Barglar shitir-shitir etdi.

Pishib me’yoridan oʻtib ketmish zardolilar yerga tap-tap tushdi.

Oqshomdan zardoli hidi anqidi.

U, Oymomo sochini ushladi...

Oymomo roʻmoli chetidan oʻpkalanib-oʻpkalanib qaradi...»

14

Eslash qoʻshigʻi avj oldi:
— Ha-a-ay...

Otamiz otlandi. Adirga yoʻl oldi.

Adir gʻuj-gʻuj daraxt boʻldi. Zardoli, olma, jiyda, yongʻoq, doʻlana... boʻldi. Ularni tabiat ekdi, tabiat koʻkartirdi. Shu bois, oti yovvoyi olma boʻldi, yovvoyi yongʻoq boʻldi.

Bu yil daraxt barglari uchi sariq-sariq boʻldi. Demak, qish kech keladi. Bordi-yu, barglar ostidan sargʻayib boshlasa, qish erta keladi.

Otamiz ot jilovini oʻz holiga qoʻydi.

Yer sinchiklab-yer sinchiklab qaradi...

Shu yerlarda... Xuddi shu yerlarda bir soʻqmoq boʻlar edi. Soʻqmoq bogʻ tarafidan... Oymomo ishdan qaytar edi. Otamiz xuddi shu yerda Oymomo yoʻlini poylar edi...

Bu, koʻrishuv qoʻshigʻi boʻldi!

Endi u soʻqmoqlar yoʻq...

Soʻqmoqlar koʻmilib ketdi. Izsiz, nom-nishonsiz koʻmilib ketdi...

15

Bir kaltakesak xazonlarni shitirlatib-shitirlatib chopdi.

Ot seskanib oyoq ildi. Qulogʻini ding qildi.

Otamiz jilovni orqaga burdi.

Ot oʻzi yurmish egri soʻqmoqdan yuraman, dedi.

Ammo otamiz otni tikkasiga soldi.

Yoʻlda yoʻngʻichqapoya keldi, ariq keldi, oʻr-chuqur keldi. Ot baridan sapchib oʻtdi, baridan irgʻib oʻtdi.

Koʻrishuv qoʻshigʻi poyonladi.

Qoʻshiq yovvoyi daraxtlar ostida qoldi. Nom-nishonsiz soʻqmoqlarda qoldi...

16

Otamiz Sayrak adirda jilov tortdi. Egar qoshiga jilov ildi.

Ot boʻyni koʻzoynak ilon misol gajak-gajak boʻldi.

Ot pishqirdi. Old tuyoqlari bilan tars-tars yer tepdi.

Otamiz, qamchi sopi bilan telpagini ketiga surdi. Qamchili qoʻlini soniga tiradi.

Yelkadan nafas oldi. Qirinib yoʻtaldi. Qoʻshiq ayta berib qaqrab qolmish tomogʻini namladi.

Nazarini bogʻlarga berdi...

17

Shu koʻyi oʻtirdi-oʻtirdi... oʻzining soʻnggi... eng soʻnggi qoʻshigʻini boshladi...

Bu, xayrlashuv qoʻshigʻi boʻldi, alvido qoʻshigʻi boʻldi!

Tonglar bepoyondir, bepoyon! Olis-olis ufqlarda tong. Bobotogʻ choʻqqilarida tong. Dagraz suv ombori uzra tong. Qishloq uzra tong. Bogʻlarda tong. Terak uchlarida, barglarida tong. Gala-gala chumchuqlar parvozida tong. Ot yollarini oʻynamish sokin yellarda tong. Kuylovchi soqolini silamish salqin sabolarda tong.

Qoʻshiqda-da tong!

18

Sokin bogʻ uzra bir gala chumchuq oʻynadi.

Chumchuqlar turnaqator boʻlib tizildi. Gʻuj boʻldi. Yoppasiga terak shoxlariga yopirildi. Tagʻin parvozlandi.

Jimjit terak qoʻynida parr etmish koʻr ovoz keldi.

Bir toʻrgʻay havolanib-havolanib oʻynadi. Oʻz oʻyinidan, tong havosidan mast boʻlib sayradi. Bir joyda muallaq turdi. Chalqancha yotdi. Quyiga shoʻngʻidi. Tagʻin yuqoriladi. Koʻkka toʻsh berdi. Joyida qotib qoldi. Tagʻin toʻlqindayin-toʻlqindayin parvozlandi...

Alvido qoʻshigʻi avjida boʻldi!

19

Kun, tongni yoqib yubordi.

Olamdan oppoq parda koʻtarildi.

Bobotogʻ choʻqqisida turmish dum-dumaloq kun, teraklar uchini chalib ketdi.

Bir terak shoxida chumchuqlar zorlanib-zorlanib chirqilladi.

Chumchuqlar ilon koʻrsa, ana shunday zorlanib chirqillaydi...

Alvido qoʻshigʻi qiyomda boʻldi:
— Lalaylam, la-a-am!...

Bebosh sabolar terak barglarini chappa-chappa qayirdi.

Fotmachumchuqlar shoxma-shox likilladi.

20

Qishloq tarafdan kelmish soʻqmoqda otliqlar, eshaklilar koʻrindi, piyodalar koʻrindi.

Birov uloviga savat osib oldi, birov qoʻltigʻiga savat qisib oldi.

Dehqonlar uzum uzishga kela berdi.

21

Brigadir otini yoʻngʻichqapoya girdiga boyladi.

Terakzor yonlab yurdi. Chumchuqlar zorlanmish terak oldiga bordi.

Enkayib-enkayib qaradi. Birdan... iziga qarab-qarab qochdi.

Brigadir qoʻlini qoshi ustiga qoʻyib qaradi.
— Hoy, Qoplon aka! — dedi. — Belni olib choping! Anavi terakda bir darranda oʻralib yotibdi!

22

Otamiz alvido qoʻshigʻini bekam-u koʻst aytdi.

Umrida ilk bor... ilk bor, qoʻshigʻida soʻz ishlatdi.

Qoʻshiq qiyomida koʻnglidan bir soʻz otilib chiqdi:
— ...Ku-u-uyga-a-ay!..

Otamiz alvido qoʻshigʻini bogʻlar oralab boʻlinmish mehnatkashlarga qarab aytdi.

Mehnatkashlarni qoʻshiq bilan kuzatdi.

Mehnatkashlar ishlariga qoʻshiqli boʻlib ketdi!

23

Soʻqmoqda bir qizil kiyim koʻrindi.

Boshida doka roʻmoli boʻldi. Qoʻlida savatcha boʻldi.

Odimlari vazmin-vazmin boʻldi.

Bu, asl qoʻshiqning oʻzi boʻldi!

Asl qoʻshiq turganda muxammas qoʻshiqqa yoʻl boʻlsin! Asl qoʻshiqqa taraf yoʻq!

Qoʻshiq beixtiyor adirdan enib boshladi.

24

Brigadir, qoʻli qoshi ustidaligicha qoldi.

25

Ot, asl qoʻshiq oldini oldi.

Asl qoʻshiq chapdan yoʻl oldi.

Ot, asl qoʻshiq oldini oldi.

Asl qoʻshiq oʻngdan yoʻl oldi.

Ot, tagʻin oldinni oldi.

Asl qoʻshiq nima qilishini bilmadi. Yerga qarab qoldi.

Shunda, qoʻshiq otdan tushdi. Ot boʻyniga qoʻlini qoʻydi. Olis turdi.

Asl qoʻshiq roʻmoli yerllarda hilpirab-hilpirab turdi.

Qoʻshiq, asl qoʻshiq qoʻlidan savatchani oldi. Egar qoshiga ildi. Bir qoʻli bilan ot jilovidan ushladi. Bir qoʻli bilan asl qoʻshiq roʻmolidan ushladi.

Ohista-ohista qishloqqa yoʻl oldilar.

Qoʻshiqlar yuzma-yuz boʻlib, nimalarni gapirishdilar?

Qoʻshiqlar yigʻlab-yigʻlab, mana bunday gapirishdilar:
— Umringizni olmayin dedim, bovasi, yolgʻiz oʻgʻilsiz...
— Shu gapingga noma’qulning nonini yebsan, momosi. Senga kelgan dardga oʻzim koʻndalang, momosi...

26

Brigadir olislik qildi.

Shu boisdan eshitmadi.

Ammo barini koʻrib-bilib turdi.
— Ha, kuchingdan, bizning qorovul! — deya jilmaydi.

VI

Oy suzilib-suzilib boqdi.

Bobomiz ozgʻin panjalarini havoda ochib yumdilar.
— Esingdami, momosi, — dedilar. — Oʻshanda-da oy yorugʻ edi, yop-yorugʻ edi...

Bobomiz kaftlari bilan qovjirab-qovjirab yotmish xaslarni paypasladilar.
— Men otni jildirib kelayin, momosi, — dedilar.— Sen oʻtirib tur. Qoʻrqmaysanmi, oʻzi?

Bobomiz adirdan endilar. Ariqdan hatladilar. Yoʻngʻichqapoya oralab yurdilar.

Ot quloqlarini dikkaytirdi. Ketiga tis boʻldi.

Xoʻjasini tanidi, boʻy berdi.

Bobomiz ot yollarini siladilar. Silab-silab erkalatdilar.

Ot qozigʻini sugʻurdilar. Hali ot ogʻzi tegmagan yerga tepib-tepib qoqdilar. Jabdugʻini-da ot oldiga olib kelib qoʻydilar.

Bobomiz ana shu jabduqqa picha choʻnqaydilar. Oyoqlarini uzatib-uzatib oʻtirdilar.

Kaftlari bilan yoʻngʻichqalarni siladilar. Kaftlarini yuzlariga surtdilar, burunlariga bosdilar.

Kaftlarini toʻyib-toʻyib iskadilar.

Shunda... shunda, ariq yoqalab kelmish qoralarga koʻzlari tushdilar.

Yoʻngʻichqa isli kaftlari bilan soqollarini tutamlab-tutamlab qaradilar...

1

Necha-necha qizgʻaldoqlar ochildi.

Barglari sochilib-sochilib ketdi.
— Doʻxtir bizning ichimizga kirib chiqibdimi, momosi. Doʻxtir ayta beradi-da! Ana, Joʻraqulni doʻxtirlar odam boʻlmaydi, dedi. Bemorxonadan olib keting, dedi. Ana, yuribdi, otdaygina boʻlib!..
— Chin, bovasi chin.
— Bilasan, Hazrati Xizr suygan bandalariga yoʻliqadilar. Menga yoʻliqdilar, farzand beraman, dedilar. U kishi yuzimdan oʻtolmaydi, momosi. Odamning yuzi issiq-da, momosi.
— Aytganlari kelsin, bovasi.
— Boʻgʻirsoq, yogʻli patir qil. Ertaga ishga olib boramiz. Arpaga oʻroq tushar emish. Mehnat hayiti-da.
— Uff, ishning oxiriyam bormikin-a.
— Tirikchilik, momosi, tirikchilik. Odamning yuzi chidamaydi. Yana tagʻin Hushvaqt hayallayapti. Hushvaqt oʻrniga-da mehnat qilmasak boʻlmaydi. Odamlardan uyat. Xushvaqt kelsin, oʻzimiz bilamiz...
— Kattalar qoʻyar.
— E, qoʻymay nima? Xushvaqtday ulimiz boʻladi-da, kattalardan qoʻrqamizmi? Birovi gʻing deb koʻrsin! Hay, koʻp javrama, ana ulimiz ishla-yapti, deymiz. Bor, yoʻlingdan qolma, deymiz. Bari uyalib qoladi! Qola bersa, Xushvaqt ulimizni oʻylaydi. Chol-kampirga indamaylik, uli xafa boʻladi, deydi. Ulimizning yuz-xotirini qiladi. Hali-hozir kimimizning yuz-xotirini qiladilar, momosi...

2

Necha-necha qovunlar pishdi.

Tarvuzlar tars yorildi.

Uzumlar mayiz boʻldi.
— Eshitdingmi, momosi, Vaxshivorda birov yetmishida farzand koʻribdi. Yana tagʻin, oʻgʻil emish! Ana koʻrdingmi, erta-kechi boʻlmaydi. Sabr qilsang, gʻoʻradan holva bitadi. Sabrning tagi oltin, momosi.
— Aytganlari kelsin, bovasi.
— Aytganday, yana paxtani deyapti, momosi. «Hazorbogʻ» sovxoziga yordamga boramiz ekan, oʻn besh kunga.
— Ikkovimiz-da boramizmi?
— Yoʻq, bir oʻzim boraman, momosi. Brigadir oʻzingiz borasiz, dedi. Biladi-da, bir oʻzim ikki-uch kishining ishini qilishimni biladi-da, momosi.
— Biladi, brigadir biladi, bovasi.
— Brigadir, siz choyxonachi boʻlasiz, dedi. Men aytdim, choyxonachilik yarimjonlarning ishi, men paxta teraman, dedim.
— Unda, men nima qilayin, bovasi?
— Sen mol-hollarga qarab, uyda oʻtir, momosi. Sening ulushingni-da, Xushvaqtning ulushini-da oʻzim bajaraman. Xushvaqt kelsin, oyoqni uzatib yotganimiz boʻlsin, momosi.
— Aytganlari kelsin, bovasi.

4

Necha-necha qorlar yogʻdi.

Suv boʻlib-suv boʻlib oqdi.
— Men senga aytsam, momosi, Yaratganning oʻzi beraman desa, qoʻshqoʻllab beradi. Sendan-mendan soʻrab oʻtirmaydi. Ma, ol, qulim, deydi. Mana koʻrasan, momosi...
— Aytganlari kelsin, bovasi...

5

Avji saraton boʻldi.

Oftob lov-lov yondi.

Oftob olamni jingirtob-jingirtob qildi.

Oftobda suv qaynayin-suv qaynayin, dedi.

Shunday kunda ramazon keldi.

El roʻza tutishini-da bilmadi, roʻza tutmasini-da bilmadi. Roʻza tutayin dedi, kun koʻz ochirmadi, kun nafas oldirmadi. Roʻza tutmayin dedi, moʻmin-musulmon uchun roʻza qarz-da boʻldi, farz-da boʻldi.

Otamiz bilan onamiz oʻylab-da oʻtirmadi. Kun oftob tugul, olov purkasada, roʻza tutarman boʻldi.

Boisi, el-yurt oldida oʻzlarini qarzdor bildi, el-yurt oldida oʻzlarini aybdor bildi...

Qola bersa, otamiz bir umidi Laylat ul-Qadr boʻldi...

6

Emishki, yil, melodiy olti yuz oʻninchi yil boʻldi. Oy, Ramazon oy boʻldi.

Ollohi taoloning Jabroil otli bir farishtasi boʻldilar. Ollohi taolo ana shu farishtasini huzurlariga chaqirdilar. Jabroil farishtasidan Muhammad alayhissalomimizga vahiy yubordilar.

Bu amal Qur’oni karim oyatlari yoddan aytila boshlamish ilk kechada sodir boʻldi.

Ollohi taolo ana shu tariqa-ana shu tariqa, Muhammad paygʻambarimizga vahiy yoʻllay-vahiy yoʻllay berdilar.

Melodiy olti yuz oʻttiz ikkinchi yilgachayin ana shundayin vahiy yoʻllab turdilar.

Emishki, Qur’oni karim ana shunday bino boʻldi!

Shu boisdan Ramazon muqaddas oy boʻldi.

Qur’oni karimday moʻtabar ham tabarruk kitob bino boʻldi, muqaddas boʻladi-da!

Shu boisdan Ramazonda moʻmin-musulmonlar roʻza tutdi.

Oydin boʻldikim, Laylat ul-Qadr ollohi taolo Muhammad rasulullohimiz uchun yaratmish kecha boʻldi.

Arabcha «layl» soʻzi oʻzbekcha «kecha» demakdir. Arabcha «qadr», oʻzbekcha «taqdir» demakdir.

Oydin boʻldikim, Laylat ul-Qadr, «taqdir hal boʻlajak kecha» demakdir.

Jumlayi moʻminlarga ayonkim, yillar hisob-kitobi Quyosh Yer girdida aylanmish davriga qarab sanaladi. Shunga binoan har kelajak yangi yil eski yilga nisbatan oʻn kun-oʻn kun oldin keladi.

Ramazon hijriy-qamariy yillar toʻqqizinchi oyi boʻladi.

Demak, Laylat ul-Qadr har yili bir vaqtda kelmaydi. Turli kechalarda keladi. Ramazon oyi oxirgi toq kechalarida keladi. Xususan, oʻn yettinchi, oʻn toʻqqizinchi, yigirma birinchi, yigirma uchinchi kechalarda keladi. Koʻpincha, ramazonning yigirma yettinchisida keladi.

Laylatul-Qadr kelajak kecha moʻmin-musulmonlar nimaniki tilasalar, tilaklari bajo boʻladi. Orzu-umidlari ushaladi.

7

Otamiz-da, onamiz-da, Laylat ul-Qadrni... ulugʻ bir zot, deya oʻyladi!
— Laylatul-Qadr har bandasinikiga-da kela bermaydi, momosi, — dedi otamiz. — U kishi oʻz suygan bandalarnikiga keladi. Kimda-kim bus-butun roʻza tutsa, ana shu bandasinikiga qadam ranjida qiladi.

Otamiz ramazon kechalarini sanab roʻza tutdi.

Necha-necha kechalar bedor oʻtdi.

Otamiz koʻz ilmayajak kechalar boʻldi.

Onamiz kiprik qoqmayajak kechalar boʻldi.

Oʻzlari toʻshakda boʻldi, bor vujudlari tashqirida boʻldi. Quloqlari ding boʻldi.

Laylatul-Qadrni choʻchitib yubormasinlar uchun yoʻtalmay yotdi.Ohista-ohista gapirishdi. Tiq etmish tovush chiqarishmadi.

Eshiklar bilan derazalarni lang-lang ochib qoʻydilar...

Ramazon-da oxirladi.

Moʻmin-musulmonlar roʻzalarini ochdi.

Ramazon hayiti boʻldi.

Onamiz chayindi-tarandi, oʻziga oro berdi. Haytlik liboslarini kiydi.

Qabriston yoʻl oldi.

Ota-onasi boshiga bordi. Ota-onasi qabriga chiroq yoqdi: paxta tolasini eshit-eshib, pilik qildi. Zigʻir moyga belab oldi. Choʻp uchiga oʻradi. Choʻpni qabr bagʻriga qadadi. Gugurt bilan pilik uchini yoqdi.

Pilik uchi lip-lip yondi.

Onamiz lip-lip yonmish pilikka termuldi...

Onamiz onasi rahmatlikni yodladi, onamiz otasi rahmatlikni yodladi.

Yodlab-yodlab yigʻladi...

Onamiz ota-onasi boshidan qaytarda duch kelmish yetim-esirni qutladi.
— Hayitingiz qulluq boʻlsin! — dedi.

Yetim-yesirlarga bir soʻm-bir soʻmdan hayitlik berdi.

Otamiz-da ozoda kiyimlarini kiydi. Jiynoq boʻlajak hovuz boʻyiga yoʻl oldi.

Yoʻlida uchramish moʻmin-musulmonlarni qutladi, beva-bechoralarni qutladi.
— Hayitingiz qulluq boʻlsin! — dedi.

Beva-bechoralar qoʻliga uch soʻm-uch soʻmdan hayitlik berdi.

Otamiz beva-bechoralar duosini oldi.

Bekatlarda oʻtirmish xokisor bandalarni qutladi, uch soʻm-uch soʻmdan hayitlik berdi.

Otamiz xokisorlar duosini oldi.

Hovuz boʻyida gʻuj boʻlib turmish bolalarni koʻrdi. Bolalar nisholda tevaragida uymalandi. Bildi, bolalarning tangasi yoʻq, boʻlsa, nisholda olib yeyar edi.

Otamiz bolalarga bitta-bittadan nisholda olib berdi.

Bolalar nisholda yalay-yalay tarqaldi, otamizga qaray-qaray tarqaldi.

Otamiz bolalar duosini oldi.

Yoʻl-yoʻlakay hamsoya-qoʻllarni hayit bilan muborakbod etib keldi.
— Laylatul-Qadr kelaman desa, Ramazon deb oʻtirmay, kela beradi, momosi... — dedi otamiz.
— Aytganlari kelsin, bovasi... — dedi onamiz.

8

Onamiz toʻlishib-toʻlishib qoldi.

Yonoqlarida sepkil toshib-sepkil toshib qoldi.
— Oymomoning boʻyida boʻpti, koʻz tegmasin.
— Yaratganning oʻzi nolasini eshitibdi, kech boʻlsayam beribdi.
— Farzandning erta-kechi boʻladimi.
— Ishqilib, eson-omon qutulib olsin.

Onamizni koʻrmishlar ana shunday dedilar!

Aslida... unday emas!

Ayol zoti chinakam farzand dogʻida kuysa... farzandni qalban orzu qilsa... xuddi boʻyida boʻlmishday toʻlishadi! Ayol ruhiyati shunday, ayol tani shunday, ayol qalbi shunday!

Tabiat ayolni farzand uchun yaratadi.

Farzand — ayol baxti boʻladi, shon-sharafi boʻladi, yuz-xotiri boʻladi!

Ona — ayol zoti uchun oliydan-oliy martaba boʻladi!

9

Onamiz dardi ichida boʻldi. Birovga sir bermadi.

Oʻtirdi-oʻtirdi, Robiya hamsoyasinikiga oʻtdi.

Hamsoyasi ayvonda oʻgʻlini osmonga otib oʻynadi. Har otishida goʻdak qiyqirib-qiyqirib kuldi.

Onamiz koʻzi tandirga qiya tashib yurmish qizda boʻldi. Ana, oʻsha yigʻloqi chaqaloq, ana! Doʻpposday qiz boʻldi!

Onamiz qizga tikildi-tikildi, ich-ichida shunday dedi:

«Bigʻ-bigʻ qilmaganingda... qizimning otini bilib olar edim...».

Hamsoyasi goʻdagini beshikka beladi. Oʻgʻli tilidan aytdi:
— Ay momo, meni tebratib turing, enam non yopib kelsin. Katta boʻlsam, men ham qizingizning beshigini tebrataman.
— Aytganing kelsin... — dedi onamiz.

Hamsoyasi tandirga qarab ketdi.

Onamiz beshik tebratdi.

Chaqaloq onamizga qarab-qarab keldi.

Onamiz-da kuldi.
— Ha, kulishni-da bilasanmi? Kulishni-ya? — iyak silkidi, — Kul, kula ber!..

Chaqaloq mimit qoʻllarini shunday peshonasida osilmish tumorga uzatib-uzatib kuldi. Ogʻzida bitta-da tishi boʻlmadi!

Onamiz beshikka engashdi. Shunda... shunda, dimogʻi goʻdak isini tuydi...

Onamiz umrida gullar, barglar isidan bahra oldi. Turfa koʻkatlar, taomlar isidan bahra oldi. Toʻyib-toʻyib iskadi.

Ammo... goʻdak isidan tarovatlisini koʻrmadi, goʻdak isidan hayotbaxshini koʻrmadi!

Ay, goʻdak islari, goʻdak islari-ay!..

Goʻdak koʻzlari ilinib-ilinib ketdi. Momomiz koʻzlarini yumib, beixtiyor dimogʻida alla aytdi:

Alla-alla, ahdi bor-a, alla-yo, alla-yo,

Uyquning ham vaqti bor-a, alla-yo, alla-yo,

Alla aytgan enangni-yo, alla-yo, alla-yo,

Qop-qoraygan baxti bor-a, alla-yo, alla-yo.

Allada Sherobod dashtlariday anqillab yotmish koʻngil nolasi boʻldi.

Koʻngil dardi boʻldi, armoni boʻldi.

Koʻngil fojiasi boʻldi!..

Dasht-u dalada uzum, alla-yo, alla-yo,

Uzganimni kim bilar-a, alla-yo, alla-yo

Hasratu armon bilan, alla-yo, alla-yo,

Jon berganimni kim bilar-a alla-yo, alla-yo...

Onamiz koʻkraklari uchida igna sanchilmishday- yigna sanchilmishday boʻldi.

Onamiz kafti bilan koʻkraklarini siladi. Siladi-siladi, birdan... chap koʻkragini changalladi. Changalladi-changalladi... Chayqaldi-chayqaldi... Ketiga shilq etib tushdi...

Onamiz koʻkragiga... sut keldi.

10

— Hamsoya, soʻrab edingiz, keldilar, koʻzingizni oching.

Onamiz koʻzlarini ochdilar...

Otamizga termuldilar. Za’faron yuzlari yorishdilar. Soʻniq koʻzlari xiyol oydinlashdilar. Ma’yus tabassum berdilar.

Barmoqlarini qimirlatib-qimirlatib, otamiz qoʻlini izladilar.

Otamiz titramish qoʻlini kaftlari orasiga oldilar.

Onamiz yuzlari tagʻin-da yorishdi. Otamiz kaftlarini his etdilar-da!

Onamiz koʻzlarini yumib-ochdilar, yumib-ochdilar...

Otamiz sokin oʻtira berdilar.

Shunda, ayollardan birovi otamizni turtdi.

Otamiz turtmish ayolga qaradilar. Ana shundagina nima gapligini tushundilar...

Koʻngillari orziqib-orziqib ketdilar...

Otamiz, onamiz yuzlariga egildilar.
— Momosi, mendan rozi boʻl, momosi... — dedilar. — Koʻzingni och, momosi, mendan rozi boʻl...

Onamiz tagʻin koʻzlarini yumib-ochdilar, yumib ochdilar... Bilinar-bilinmas bosh qimirlatdilar...

Otamiz oʻkirib yubordilar...

11

Ayollar ovoz berdilar:
— Voy, hamsoyam-e, hamsoyam-e!..

Onamiz bir kecha mehmon boʻldilar. Bir uy ayollar qurshovida yotdilar.

Ichkarida ayollar onamiz tevaragida halqa boʻlib sadr tushdi.

Tashqarida erkaklar uy tevaragini aylanib-aylanib yigʻladi. Aytib-aytib yigʻladi:
— Xolamov-v, xolamov-v!..
— Opamov-v, opamov-v!..
— Ammomovv-v, ammomov-v!..

Chor tarafga chopar ketdi.

Chopar qishloq koʻchalari boʻylab jar soldi:
— Xaloyiq, barchangiz Qoplon qorovulnikiga janozaga! Bu hammaning boshida bor savdo, xaloyiq!..

12

Odamlar oqib-oqib kela berdi.

Uy odamlar qurshovida qoldi.

Odamlar onamizni yodladilar,
— Bechorani ellikni qariblagan ayol deb boʻlmas edi.
— Ikki yuzi qip-qizil anorday edi.
— Soʻramoqdan ayb yoʻq, bechora nechada ketibdi?
— Qirq sakkizda, deyishayapti.
— Shunday, ellikni qariblab boribdi.
— Endi, ellikda deb duo oladi-da?
— Shunday-shunday, ellikda deb duo beriladi.
— Oʻzi, bemorxonada deyishib edi-ku?
— Doʻxtir, olib ketinglar, odam boʻlmaydi, debdi...

13

Yosh-yalanglar momomlab-momomlab yigʻladi:

Osmondagi qirq yulduz

Qiyalab ketadi botgani,

Voy momom-ov, momom-ovv!

Men momomni bir oʻpayin,

Qiyomat ketadi yotgani,

Voy momom-ov, momom-ovv!

Yoshi qaytishlar onamlab-onamlab yigʻladi:

Hovlimizning tolini

Tobut boʻlsin, debmidik

Voy enam-ovv, enam-ovv!..

14

Uvol-savobchi ayollar uylarni bir-bir qaradi. Uylarda toʻshalmish gilamlarni koʻtarib-koʻtarib koʻrdi.

Bir uy osti taxtasiz yer boʻldi.

Ayollar ana shu taxtasiz uy gilamini yigʻib oldi. Uy oʻrtasiga boʻyra toʻshadi. Ikki obtova suv olib keldi.

Ayollar onamizni kaftlarida olib keldi. Ana shu boʻyra uzra yotqizdi.

Uvolchi ayol obtovada suv quydi, savobchi ayol...

Onamizni yuvdi! Boshdan adoq yuvdi. Silab-siypab yuvdi...

Ayollar onamizni oppoq surpga oʻrab-oʻrab oldi. Kaftlarida tobutga yotqizdi.

Onamiz soʻnggi manzillariga... soʻnggi manzillariga pok-pokizagina boʻlib joʻnadilar.

15

Tobutga-da oppoq surp yopildi.

Bu, yoshini yashab oʻtdi, alomati boʻldi.

El tobut poyida... onamiz poyida tizilib-tizilib janoza oʻqidi.

Tobut... onamiz el kaftida qalqib-qalqib joʻnadi.

El tobutga... onamizga talpindi. Tobutni... onamizni kaftida koʻtarib borish niyatida boʻldi. Aqalli qoʻlini tekkizib borish payida boʻldi.

El tobut ketidan... onamiz ketidan qabriston bordi.

16

Onamiz lahadga qoʻyildi.

Mozorga tuproq tortildi. Tuproqqa chim bosildi.

Odam boshi bir soʻmdan isqot berildi.

Bir dastroʻmoldan oq yirtish berildi.

Domla qabr boshida qiroat bilan-qiroat bilan Qur’on oʻqidi:
— Auzu billahi minash, shaytonir-rojim. Bismillahir-rohmanir-rohim! Tabarokallazi biyadihil mulku va huva ala kulli shayin qodir. Allazi xolaqol mavta val hayata liyabluvakum ayyukum ahsanu amala. Va huval azizul-gʻofur allazi xolaqo sab’a samavatin tibaqo. Ma taro fi holqirroxmani min tafavut. Farji’il basaro hal taro min futur. Summar jiil basar. Karrotayni yanqolib ilaykal basaru xo siav va huva xasir. (Toshboʻron qilingan shaytondan Ollohning panohiga sigʻinaman. Behad rahmli, nihoyatda mehribon Olloh nomi bilan! Egalik qoʻlida boʻlmish zot ulugʻ boʻldi. Va u har narsaga qodir. Ul zotiki yaratdi hayotni va mamotni. Imtihon qilish uchun qaysinisi amal jihatdan yaxshiroq. Va u gʻolib magʻfirotlik, qaysiki yaratdi yetti osmon tabaqasini. Koʻrmaysan Olloh yara-tishida biror kamchilik. Tikkin koʻzingni. Koʻrasanmi biror yoriq. Soʻngra tikkin koʻzingni qayta-qayta. Qaytadi koʻzing senga noumid boʻlib va tolib).

Yuzlarga fotiha surtildi.

Tuproqdan yaralmish onamiz, tagʻin tuproq boʻlib ketdilar!

VII

Qoralar ariq yoqalab-ariq yoqalab kela berdi.
— Ketganga oʻxshaydilar, koʻrinmayaptilar.
— Yoʻq, hali ketmaganlar. Yonboshlab yotgan boʻlsalar kerak.

Ma’shuq ovoz bobomizga tanish tuyuldi. E’tibor bilan eshitdilar.
— Manavi yerga oʻtiraylik.
— Sabr, qil, qoʻlroʻmol bilan oʻtlarni artib tashlayin, ana, endi oʻtir.
— Uh, pidananing isini. Yulmang, bizdan keyin ham keladiganlar bor. Isini kaftimda olib beraman. Mana, iskang.
— Yoʻq, qonmadim. Uchlarini silkib yubor.

Bobomiz hayrat bilan yoqa ushladilar... «Yo, tavba, ma’shuq ovoz hamsoyasi Mengtoʻraning qizi boʻldi. U buyoqda nima qilib yuribdi? Yo... Yoʻgʻ-e! U hali goʻdak-ku. Darrov-a? Aytib boʻlmaydi, qiz bola shayton boʻladi. Uyoqdan buyoqqa qaraguncha boʻy beradi»...

Oshiq ovoz bobomizni haminqadar hayron qoldirdi.

Oshiq ovoz momomiz, akasining oʻgʻli boʻldi...

Jimjitlik boʻldi. Ma’yus kulgi boʻldi.
— She’r oʻqib berayinmi? Yaqinda yodlab oldim. Qara, eshit:

Yorishmoqda olis chek ham,

Tong fusunkor, suluv biram.

Gʻazal yangligʻ jarangdor dam,

Yangroq havo esingdami?

Sukunat boʻldi. Qoʻlingiz muncha qattiq, demish ovoz boʻldi. Ovoz erkali boʻldi. Ginadan koʻra, minnatdorlikka moyil boʻldi.

Boshlanar toʻrgʻaylar kuyi,

Tabiatning tonggi toʻyi,

Yorugʻ roʻyo esingdami?

Bobomiz beixtiyor bosh irgʻadilar. Oydin rangi, koʻk yoʻngʻichqa boʻyi, baytdan kayflari chogʻ boʻldi.
— Qara, tagʻin bir she’r oʻqib berayin.

Baytlar gʻamza bilan oʻqildi.

Xayollari, oʻylari qoʻynidagi bobomiz, xushvaqtliklari, ruhiy hayitlari qoʻynidagi bobomiz baytlarni eshitmadilar. Adir betidagi qop-qora yongʻoqqa termildilar. Yuksaklanib ketmish Vaxshivor qirlariga, Keragotogʻ choʻqqilari bagʻrida elas-elas oqarib koʻrinmish oppoq qorga tikildilar.

Baytlarning soʻnggi misrasini eshitdilar.

Bobolarim birin-ketin suyak surib oʻtgan yer.

Momolarim sochlarini qirqta oʻrib oʻtgan yer.

Yuzlarida, koʻngillarida yorugʻ tabassum oʻynadilar.
— Hay-hay-hay... — deya pichirladilar.
— Bunday bemahalda qolib ketmasdilar-ku? — dedi oshiq.
— Ketgilari kelmayapti shekilli, — dedi ma’shuq.
— Koʻngillari buzilib oʻtirgandir.
— Kechroq enam, bobongning mol-hollariga qarayin deb, darichadan qaytib keldi. Oʻzlari qarayotgan ekanlar, vayron koʻngillarini battar vayron qilmayin deb bormadim, dedi.
— Otam, har oqshom momongnikiga borib molholga qara, dedi.
— Oqshomlari borsak, bir-birimizga gap qoʻshmaymiz, maylimi? Boʻlmasa bilib qoladilar.
— mayli.
— Qorongʻilatib adir aylanamiz...
— Momomiz qazo qilganidan buyon televizor, radio qoʻymaymiz.
— Biz ham qoʻymaymiz.
— Enam qora kiyib yuribdi.
— Mening otam bir kuni yangiroq kiyimini kiyib shaharga bormoqchi boʻlib edi, enam urishdi, odammisiz oʻzi, dedi. Otam farosatsizligidan oʻzini koyib, yana qora kiydi.
— Biz ham qora kiyimlarimizni kiyib yuribmiz.
— Enam taqinchoqlariniyam sandiqqa solib qoʻydi.
— Ukalarim oqshomlari ashula aytib oʻynardi, enam urishdi. Azalimiz, bovang eshitib qolsa nima degan odam boʻlamiz, dedi.
— Endi momomizning qirqi oʻtguncha shunday boʻladi.
— Bovamiz buyoqlarga kelib yurishimizniyam bilarmikinlar? — dedi ma’shuq.
— Bilmasalar kerak, — dedi oshiq.
— Momomizning vafoti kuni sen ham yigʻladingmi?
— Boʻlmasam-chi, uyni aylanib, momomlab yigʻladim.
— Men enamlab yigʻladim.
— Qara, ketibdilar.
— Yuring, Sayrak adirga endi biz chiqamiz...

Oshiq-ma’shuq qoʻzgʻoldi. Ariq yoqalab yurdi.

Bobomiz koʻngillari yorishdi. Toʻlqinlandilar. Oʻtirishlarini-da, turishlarini-da bilmadilar. Ketlariga xiyol chayqalib, koʻzlarini yumdilar. entikib-entikib nafas oldilar. Kiyimlari oʻzlariga torlik qilayotganday boʻldilar. Yoqalarini koʻtarib-koʻtarib, koʻkraklarini shamollatdilar.

Joylaridan avaylab turdilar. Etaklarini qoqdilar. Oʻtira berib qotib qolmish qaddilarini rostlash uchun bellariga qoʻllarini tiradilar.

Adirlamish oshiq-ma’shuqlardan koʻz uzmadilar. Suqlanib-suqlanib qaradilar...

Beixtiyor... beixtiyor qishloqqa borajak soʻqmoqdan yoʻl soldilar...
— Momosi, men ularni koʻrdim... — dedilar. — Men senga aytib edim-u, Hazrati Xizr yuzimizdan oʻtolmaydi deb!..

Bobomiz oyoq ildilar. Sayrak adirga qayrilib qaradilar.

Bobolarim birin-ketin suyak surib oʻtgan yer,

Momolarim sochlarini qirqta oʻrib oʻtgan yer...

Bobomiz boshlarini egganlaricha turib qoldilar!
— Momosi, yur, ketamiz... — dedilar.

Bobomiz yoʻllarida imillab, bir-bir bosib davom etdilar.

Shunda, Sayrak adirda... hassasi... qarilik hassasi qolib ketganini esladilar.
— Mayli, ularga qolsin... — deya qoʻl siltadilar.

Boshlari gʻuvillab, oʻzlarini majolsiz his qildilar. Koʻz oʻnglari gʻimirladi.

Oydinlar toʻlqinday chayqaldi. Oydinlar toʻlqinday mavjlandi.

Bobomiz xasta qalblari oʻrtandi, gʻarib qalblari oʻrtandi. Koʻzlari yoshga toʻldi. Koʻz yoshlari oyday oppoq soqollariga sizib tushdi.
— Momosi, men ularni koʻrdim. Ular bayt aytdi, eshitayapsanmi, bayt!.. — dedilar.

Bobomiz koʻz oldilari oydinlandi. Tagʻin Sayrak adirga qayrilib qaradilar.

Sayrak adirda ikkita qora qoldi.

Biri oshiq, biri ma’shuq boʻldi.

Oshiq bilan ma’shuq bir ikkita boʻlib qoldi, bir bitta boʻlib qoldi...

Bobomiz jilmaydilar.
— Ana, bizning bolalarimiz! — dedilar. — Hazrati Xizr bovajonim, umringizdan baraka toping!..

Bobomizning jilmaymish yonoqlaridan betinim yoshlar sizdi.

Momomiz vafotidan keyin koʻz yoshlari qurib qolganday boʻlib edi. Qaylarda yotib edi, shashqator yoshlar?

Shashqator yoshlar bobomiz lablariga sizdi, iyaklariga sizdi.

Bobomiz koʻz yoshlarini yenglari bilan artib oldilar. Adirdan koʻz uzmadilar.
— Ana, bizning nevaralarimiz! — dedilar. — Qulluq, Hazrati Xizr bovajonim, qulluq!

Bobomiz koʻngillaridan nimalardir toshib kela berdi.

Bu toshqinni qaygʻu desak-da boʻladi, xushvaqtlik desak-da boʻladi.

Bobomiz koʻngillaridan qaygʻuli xushvaqtlik oʻksib-oʻksib kela berdi.
— Yur, ketdik, momosi, endi biz kelmaymiz... — dedilar.

Koʻzlari kulmish bobomiz, yuzlari kulmish bobomiz, yonoqlari kulmish bobomiz, lablari kulmish bobomiz tantana qildilar.
— Bu adirlar bizniki! — dedilar.

Oʻksiklar zarbidan yelkalari silkina berdi.
— Bu oydinlar bizniki! — dedilar.

Koʻngillari tinmayin oʻksimish bobomiz, yelkalari tinmayin silkinmish bobomiz soʻnggi bor, soʻnggi bor oyoq ildilar. Qomatlarini adl tutdilar.

Sayrak adir, adirda oʻtirmish oʻgʻil-qizlariga tantana bilan qaradilar.

Bobolarim birin-ketin suyak surib oʻtgan yer.

Momolarim sochlarini qirqta oʻrib oʻtgan yer.

Bobomiz soʻqmoqdagi soʻnggi qadamlarini bosa-bosa, oydindagi soʻnggi soʻzlarini ayta-ayta, yoʻllarida davom etdilar:
— Endi ketsak mayli!..

1980