OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTogʻay Murod
Asar nomiYulduzlar mangu yonadi (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Togʻay Murod
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm165KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/08
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yulduzlar mangu yonadi (qissa)
Togʻay Murod

«Yulduzlar mangu yonadi»; qissasi ilk marta «Sharq yulduzi»; jurnalida chop etilgan. («Sharq yulduzi»;, 1977, 10-son.) 1980 yilda bu qissa Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyotida «ABK»; - «Avtorning birinchi kitobi»; seriyasi ostida chop etiladi. Keyinchalik qissa qayta ishlanib, «Qoʻshiq»; kitobiga (1987) «Davra»; nomi bilan kiritiladi (Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyoti). «Davra»; yozuvchi tomonidan yana qayta ishlanadi — endi «Yulduzlar mangu yonadi»; nomi bilan «Ot kishnagan oqshom»; qissalar toʻplamida chop qilinadi («Sharq»; nashriyot-matbaa konserni Bosh tahririyati, 1994).

I

— Odamlar-u odamlar, togʻda bitgan bodomlar, eshitmadim demanglar! Bugun ha-a-amma Zulfiqor polvonnikiga sunnat toʻyiga, he-e-e-ey! Chu, jonivor!

Egar qoshiga toʻn solib olmish jarchi guzarma-guzar ot oʻynatdi. Xoʻjasoat qishlogʻi ahlini toʻyga chorladi.

Xiyol oʻtmadi. Toʻy bekasi otda eshikma-eshik yurdi. Xonadonlarni alohida-alohida aytdi.

Xonadon bekalari:
— Quruq ketmang, — deya egar qoshiga toʻn ildi. Toʻy bekasi yuziga fotiha tortdi.
— Iloyim, sizlarnida toʻyga yetkazsin, — deya tilak tiladi.

Keyin, Zulfiqor polvon ot mindi.

El-yurtni oʻz nomidan aytdi.

El-yurt koʻngli nozik-da.

Toʻy bekasi aytgan boshqa, toʻy xoʻjasi aytgan boshqa.

II

Tush vaqti ayollar boʻgʻirsoq, qatlama, shirguruch koʻtarib toʻyladi. Erkaklar qoʻy, tana yetaklab toʻyladi.

Tom ustida yonboshlab olmish Nabi oqsoqol toʻyxonadagi voqealardan koʻz-quloq boʻldi, tegishli yoʻl-yoʻriqlar berdi.

Ayniqsa, kelajak mehmonlarni e’tibordan chetda qoldirmadi. Mehmonlar koʻcha boshida qora berishi bilanoq, Nabi oqsoqol ovoz berdi:
— Kelinglar, mehmonlar, kela beringlar! — dedi. — Mingoy baycha[1], ayollarga peshvoz chiqib, qoʻllaridan dasturxonni oling! Qarang, Zulfiqor polvonning oshnasi Turdiboy echki yetaklab kelyapti! Anavi qoʻy yetaklab kelayotgan kuyovi Qurbonmikin? Ha, shuyakan! Ashurboy, qoʻylarni ushlab, ogʻilxonaga qamang!

Toʻyxonada oʻynab yurmish bolalar eshik oldiga chopib keldi.

Toʻylovchi ayollar sochqilar sochdi: yongʻoq, pista, mayiz...

Bolalar qoʻllarini choʻzib-choʻzib sapchidi. Sochqilarni ilib-ilib oldi. Yerga tushganlarini talashib-tortishib qoʻynilariga soldi.

Ikkita bola yumalab borayotgan yongʻoqni quvib ketdi.

Bolalar toʻda-toʻda boʻlib, yongʻoq, oshiq, shumshak, quloqchoʻzma oʻynadi. Doʻl, gʻirboydi, chillak, zuvillatar oʻynadi...

III

Xolboy surnaychi ikkita doirachi bilan mumtoz musiqalar tarona etdi.

Toʻyxonada olti doshqozon qator osildi.

Xizmatkorlar qur boʻlib oʻtirib sabzi toʻgʻradi.

Doshoʻchoqlardan samoga qop-qora tutun oʻrladi.

Doshqozonlardan zigʻir moyga qovurilayotgan goʻsht hidi keddi.

Bir otliq taqimiga boshsiz uloq bosib toʻyxonadan chiqdi.
— Odamlar, Oqjarda koʻpkari boʻladi! — dedi Nabi oqsoqol. — Ana, uloqni olib ketdi! Xohlaganlar borsin! Eslaringda boʻlsin, kechasi olish boʻladi, ertaga yana koʻpkari! Piyoda koʻpkarisida bor! Ertaga piyoda poygayam boʻladi, ha!

Erkaklar koʻpkaridan kunbotarda keldi. Qur boʻlib-qur boʻlib oʻtirdi.

Toboq-toboq palov suzildi.

Uchovora bir toboq boʻldi.

IV

Xuftonda ayollar davra qurib gulxan yoqdi.

Davrada chirsillab yonayotgan shuvoqdan buralib-buralib olov oʻrladi. Shuvoq hidi dimogʻlarni qitiqladi.

Bolalar davra tevaragida quvalashib oʻynadi.

Besh-olti bola jam boʻldi. Bir uy ichida yerni aylana qilib chizdi. Aylanani gir deb atadi.

Bolalar bir sonni belgilab oldi. Birovi bolalarni uch aylantirib sanadi. Moʻljaldagi songa tushmish bola girda qoldi.

U gir ichida engashdi. Koʻzlarini qoʻllari bilan yashirib turdi.

Bolalar har tarafga sochilib yashirindi.

Girda qolgani ularni izladi. Girdanda ogoh boʻldi.

Kimda-kim uning koʻzini shamgʻalat qilib, epchillik bilan girga chopib kirsa, shu gʻolib sanaladi.

U ayollar orasida bir bola moʻralab turganini sezib qoldi. Shu bolani davra aylantirib quvdi.

Bola girga qarab qochib, qoʻlga tushdi.

Bu orada boshqa bolalar girga toʻplandi.

Endi qoʻlga tushgan bola girda qoldi. Bolalarni izladi.

Bu, yashinmachoq oʻyini boʻldi.

V

Ayollar doirani yelpib-elpib, halqachalarni shildiratib-shiddiratib olovga tobladi. Davrada changqovuz boʻzladi:
— Biyov-biyov-biyov!

Bir qiz olov girdida barmoqlarini qirsillatib-qirsillatib, changqovuz nagʻmalariga xirom etdi.

Davrada ikkita goʻzal eshilib-eshilib oʻynadi, toʻlgʻanib-toʻlgʻanib oʻynadi: biri olov boʻldi, biri qiz boʻldi!

Ayollar nagʻmalarga hamohang chapak chaldi. Joʻshib-joʻshib qiyqirdi:
— Kishtala-kish, kishtala-kish, hay-ha-a-a-ay!
— Ha, boʻyingdan momong aylansin, oʻynay ber, oʻzim kelin qilaman!

Oʻynagan oʻynab, oʻynamagan toʻn yopdi. Boʻydoqlar davraga oʻgʻrincha qarab, qayliq tanladi.

VI

Toʻyxona kunchiqaridagi qisirpoyada bolalar ikki taraf boʻldi.

Bir taraf teskari oʻgirilib, koʻzlarini chirt yumib turdi.

Ikkinchi tarafdan qulochi kattaroq bola bir qarichcha oppoq mol suyagini qulochkashlab otib yubordi.

Suyak borib tushmish yerdan chang koʻtarildi.
— Boʻldi, boʻldi! — dedi.

Shundan keyin raqiblari oʻgirildi. Har tarafga yoyildi. Suyak izlab ketdi.

Suyak otgan bolalar qatorlashib oʻtirdi. Raqiblarini qaradi.

Bolalar suyakni izlab-izlab, oxiri topib keldi.

Bordi-yu, topolmasa, suyak otgan bolalarning oʻzlari topib keladi.Tagʻin suyak otadi. Suyak ota berib-suyak ota berib, raqiblarini sarson qiladi.

Endi suyak otish gali uni topib kelganlarda boʻldi. Bu, oqsuyak oʻyini boʻldi.

VII

Toʻyxona yonidagi hovlida erkaklar davra qurdi.

Bu davrada olish boʻladi.

Davra uzra simchiroqlar osildi.

Polvonlar oyogʻiga zax oʻtmasin uchun davraga somon sepildi.

Davra chetida yonib boʻlmish olov choʻgʻi yashnadi.

Polvonlar sovuq qotsa, ana shu choʻqqa isinadi.

Tun sovuq boʻldi. Sovuqdan qor hidi keldi.

Davra junjikib-junjikib: — Uh-uh, qorning sovugʻi-ya, — dedi.

Darhaqiqat, Keragatoqqa birinchi qor tushdi.

Qorli choʻqqilar oydinda elas-elas oqarib koʻrindi. Togʻ oʻngirida televizor stansiyasi chirogʻi yondi. Adogʻroqdagi toʻda chiroqlar — Toʻxtamish, Chuqurobshir, Chinor, Loʻkka, Zardaqul, Bodavo deya atalmish Vaxshivorning qishloqlari boʻldi.

Oy qishloq uzra osilib qoldi.

Yulduzlar gʻuj-gʻuj yondi.

Davra aylanasiga gilam toʻshaldi, koʻrpacha toʻshaldi.

Mehmonlar hali kelmadi.

Toʻrda oʻtirgan kolxoz raisi:
— Qulmat-ay! — dedi. — Qoʻshxonalarga[2] bor-da, mehmonlarga xabar ber! Olish boshlandi, de! Chop, zuvillab borib, zuvillab kel!

Xiyol oʻtmadi, mehmonlarda keldi.

Olam-jahon odam boʻldi.

Davra liq toʻldi.

Joysiz qolmishlar tik turdi. Davra sirtidagi mashinalarga chiqib oʻtirdi.

Davraga qarash uchun boʻyi yetmovchi bolalar daraxt shoxlari ayrisiga chiqib oʻtirdi, devorlarga minib oʻtirdi.

Kolxoz raisi bosh bakovul boʻldi.

Bakovul oldida turli-tuman roʻmol, gilam, kalish, choponlar boʻldi.

Bakovul ketida toʻy xizmatkorlari gʻunajin, qoʻy, echki ushlab turdi.

Bular sovrinlar boʻldi.

VIII

Davra sukutda boʻldi.

Bosh bakovul oʻrnidan turdi. Davraga murojaat etdi:
— Odamlar, uzoq-yaqindan kelgan aziz mehmonlar! Mana, jamoa jam boʻldi. Endi olishni boshlasak boʻla berar. Bugungi davramizda vohamizga dongʻi ketgan Boʻri polvon oʻtiribdi. Davraga bakovullik qilishni shu kishiga topshirsak, nima deysizlar?
— Ma’qul, polvon bovaning suyaklari davrada qotgan! — dedi davra.
— Qani, polvon bova, davraga chiqing!

Odamlar orasida oʻtirgan Boʻri polvon oʻrnidan turdi. Qoʻllarini koʻksiga qoʻydi.
— Odamlar, shunchalik izzat qildilaring, qulluq! — dedi. — Endi, biz qarib qoldik...
— Polvon bova, elning soʻzini tashlamang!
— El ataylab sizga yuz soldi-ya! Boʻri polvon chiqa bermadi. Shunda, rais oʻzi borib olib keldi. Boʻri polvonga Hotam polvon chiqdi.

Ular bosh bakovul qarshisida choʻkkalab oʻtirdi. Bakovul sovrin aytdi:
— Sizlarga eng yaxshi toʻn qoʻyildi, omin, ollohu akbar!

Oqsoqol polvonlar goʻyo chippa-chindan olishib, davrani boshlab berishlari lozim.

Boʻri polvon kalishini yechdi. Mahsichan boʻldi. Qora choponi oʻngirlarini qayirib, belbogʻiga qistirdi. Telpagini bostiribroq kiydi.

Keng ham doʻng peshonasini, turtib chiqqan yonoqlarini siladi. Taka soqolini siladi. Kaftlarini tuflab-tuflab hoʻlladi.

Davra aylandi.

Hotam polvonga qarab qulochini uzun ochdi. Hotam polvon yoqasidan ushladi. Bir-ikki silkidi. Avaylab chil[3] berdi.
— Yo, pirim! — dedi.

Davra qariyalarga qarab joʻshib ketdi.
— Ha-ha, boʻsh kelmang, polvon bova! — dedi.
— E, boʻldi-e, charchab qoldilaringiz!
— Polvon bova, unday chil bermang-e. Hotam polvonga tanisogʻlik kerak!

Oqsoqollar bir-birini qoʻyib yubordi. Bosh bakovul oldiga keldi.

Bakovul oqsoqollar beliga bittadan toʻnlik beqasam boyladi.
— Bali, kuchlaringiz barobar ekan! — dedi. Oqsoqollar boʻsh kelmadi.
— Eb-ey, nimalar deyapsiz, rais bova? — dedi Hotam polvon. — Oʻngimga kelib edi-yu, tagʻin, Boʻri polvonning biron yeri lat yemasin dedim-da!
— Nima-nima? — dedi Boʻri polvon. — Ukkagʻar Hotam polvon-e! Sizga oʻxshaganlarni manavi chinachogʻim bilan yiqitaman, ha!

Shunday qilib, ajdodlar udumi bajo keltirildi. Yoshlarga yoʻl ochildi. Oq yoʻl, yoshlar!

IX

Boʻri polvon davra aylandi. Davraga murojaat etdi:
— Xaloyiq! — dedi. — Davrada halol olishib, elga tomosha koʻrsataylik! Haq-nohaqni men — oʻzim ajrim qilaman! Aytganim aytgan, deganim degan! Davradagi Boʻri polvon soʻzim: tarafkashlik, gʻirromlik, oshna-ogʻaynigarchilikka yoʻl qoʻymayman!

Boʻri polvon tevarakka alangladi. Bir burchakda qunishib oʻtirmish besh-olti yoshli bolani koʻrib qoldi. Bola raisning oʻgʻli boʻldi. Boʻri polvon atayin shu bolani yetaklab keldi.
— Otingiz nimaydi, polvon? — dedi.
— Shukuy!
— E, yashang, Shukur polvon! Bolalar, manovi Shukur polvon bilan olishadigan mard boʻlsa oʻrtaga chiqsin!

Telpagi quloqlarini tushirib olmish bir bola chiqib keldi.

Ketidan otasi ovoz berdi:
— Polvon bova, manovi Ermat polvonni bir sinab koʻring!

Boʻri polvon Ermatningda qoʻlidan ushladi.
— Ermat polvon, — dedi, — siz manovi Shukuy... e, astagʻfirullo, Shukur polvon bilan olishasizmi? Oʻzi, yurak uryaptimi? E, bali, gap bunday boʻpti-da! Qani, yuringlar. Rais bova, manavi polvonlarga duo bering. Doʻrjiroq zot qoʻying, kelbatidan ikkoviyam katta polvonga oʻxshayapti!

Polvonchalar bosh bakovul roʻparasiga choʻkkaladi. Bakovul duo berdi:
— Sizlarga oʻzlaringiz bop bir toʻn, bir soʻm pul qoʻyildi, ollohu akbar! Yaxshiroq olishsalaring, yana bir zot qoʻshamiz! Yechinmasdan olisha beringlar, kun sovuq!

Bolalar davra aylandi. Ammo... chappa tarafdan aylandi!

Davra gurr etib kulib yubordi. Boʻri polvon bolalarni ushladi.
— Eb-ey, eb-ey! — dedi. — Manovi tarafdan aylaninglar! Kulmang, xaloyiq, polvonlar gʻayratiga chiday olmay, shoshib qoldi, ha! Polvon shuytib-shuytib polvon boʻladi-da!

X

Bolalar davrani ikki aylandi. Qoʻl berib koʻrishdi.

Shukur polvon choponi oʻngirlarini qayirib, belbogʻiga qistirdi. Enkayib, oʻng qoʻlini oldinga sermab bora berdi.

Ermat polvon ishtonini yuqoriga bir koʻtarib qoʻydi. Uyam qulochini sermab kela berdi.
— Ha, qulochginangdan, polvonchalar! — dedi davra. Shukur oʻng qoʻli bilan Ermatning yoqasidan ushladi, chap qoʻli bilan bilagidan ushladi. Ikki oyogʻiga qoʻshib chil berdi.

Shukur yiqitayotib edi. Ammo yerga ogʻish vaqtida oʻzini eplay olmadi.

Oqibat, ikkovida baravar yiqildi.
— Bekor, it yiqilish[4] boʻldi. Boshqatdan olishinglar! — dedi davra.
— Shukur polvon, qattiq-qattiq chil bering! Kim aytadi sizni raisning uli deb?
— Ermat polvon, koʻp shalpaymang, dadil boʻling! Shukur yiqitdim, deya, bosh bakovul qoshiga oʻtirdi. Ermat davra oʻrtasida choponida ilashmish somonlarni qoqdi. Shukurga, keyin, Boʻri polvonga angrayib qaradi.
— Gʻirrom, men yiqilmadim, — dedi.

Boʻri polvon Shukurning yelkasiga qoʻlini qoʻydi.
— Polvon, yiqitolmadingiz, boshqatdan olishing! — dedi. — Yelkangizni koʻp siltamang. Yo, otangizga ishonyapsizmi? Otangiz idoraga rais! Davraga Boʻri polvon rais! Turing!

Shukur qoboq-tumshuq qildi. Otasi qabatiga oʻtib oʻtirdi.

Boʻri polvon Shukurni silab-suydi. Chuchuk-chuchuk soʻzlar aytdi:
— Shaytonga hay bering, polvon, chiqing endi. Aylanayin polvonimdan. Polvonimdan-da, polvonimdan-da...

Shukur iyib ketdi. Tagʻin davraga kirdi. Bu safar Ermat enkayib-enkayib keldi. Shukurning qoʻltiqlari ostidan kirib koʻtarmoqchi boʻldi.

Shukur Ermatning boshini koʻkragi ostiga qisdi. Qoʻllarini qoʻltigʻidan oʻtkazib ushladi. Yotibotarga oldi: oʻzi birdan orqaga yotib qolib, Ermatni ustidan oshirib otmoqchi boʻldi.

Ammo... oʻzi ostida qoldi!

Boʻldi kulgi!

Shukurga alam qildi. Ermatga qoʻlini musht qilib koʻrsatdi.
— Sen bilan yanagi toʻyda olishaman! — dedi. Ermat bakovul roʻparasiga oʻtirishi bilan bir talay bola chopib kelib yoniga choʻkkaladi.

Shukurga tarafkash bolalar bir-biriga soʻz bermay talashdi, bakovulga elandi:
— Bova, Ermat polvon bilan meni olishtiring, u qalin oshnamni yiqitdi!
— Yoʻq, Ermat polvon bilan men olishaman. Shukur xolamning uli!
— Bova, Ermat polvonga meni chiqaring, Shukur bizning hamsoyamiz!

Davraga tagʻin bir bola — Xolyor keldi. Xolyor Shukurning bir yosh katta akasi boʻldi. Hayallashi boisi, u tut shoxida oʻtirib edi. Yerga tushib, davraga kirguncha vaqt oʻtdi.

Masalani Boʻri polvon hal etdi.
— Rais bova, Xolyor polvonga duo bering, ukasining ori uchun olishsin! Ming qilsayam emchakdosh-da! — dedi.

XI

Zoʻrdan zoʻr chiqdi. Olish kattalashdi.

Gal maktab yoshi bolalarga yetdi. Undan oʻsmirlarga yetdi.

Bir polvon yiqilsa, origa oshnasi yo ogʻaynisi davraga chiqdi. Qoni tortdi...

Or-nomus uchun kurash bolalikdan boshlanadi!

Qishloq odamlari olchin, togʻchi, paritoʻp, qovchin, goʻrxov, yuz... deya atalmish urugʻ-aymoqlarga boʻlinib olishadi.

Bordi-yu, chetdan polvonlar kelgan boʻlsa-chi? Unda, qishloq polvonlari birlashib, mehmon polvonlar bilan kurashadi.

Odamlar kindik qonlari tommish yer shon-sharafi, oriyati uchun olishadi.

Vatan - kindik qon tommish yerdan boshlanadi!

Bu davrada qishloqning barcha polvonlari bir taraf boʻldi.

Boisi, oʻzga tumanlardan polvonlar koʻp keldi. Polvonning toʻyi-da! Kimsan — Zulfiqor polvon toʻy qilyapti!

XII

Boʻri polvon qoʻllarini orqasiga qilib davra aylandi. Chetdan kelmish polvonlarga nazar soldi.

«Manavi oʻtirganlar sariosiyoliklar. Termizliklarda bor. Bular oʻzimizning Denov polvonlari. Pichirlashib gaplashayotganlar kim boʻldi? Ha-a, jarqoʻrgʻonliklar. Manavilar esa shoʻrchiliklar. Oʻrtada chordana qurib oʻtirgan moʻylov Roʻzi polvon. Yaqinda bizning polvonlar ularni oʻz uylarida magʻlub etib keldi. Koʻrinib turibdi, shoʻrchiliklar alamzada. Demak, olish zoʻr boʻladi. Birinchi kimdan boshlasin? Mehmonlarni bir-birlari bilan olishtirsamikin? Yoʻgʻ-e, davra oʻziniki, ep boʻlmas. Yaxshisi, oʻzlaridan kimdir chiqib boshlab bersin»;.

Shu vaqt, devor uzra roʻmolli boshlar qora berdi: ayollar davraga qaray berdi.

Boʻri polvon ovozini koʻtarib aytdi:
— Ay, poshikastalar, devordan koʻp boʻylay berma, polvonlarning xayolini boʻlasan! Bor, oʻsmangni qoʻy!

Roʻmolli boshlar gʻoyib boʻldi.

Boʻri polvon oʻylab qarasa, vohaning deyarli barcha zoʻr polvonlari jam boʻlibdi. Koʻrinishidan, polvonlar katta niyatlar bilan kelibdi. Niyatlari oʻzlariga esh boʻlsin!

Xoʻsh, barcha mehmonlar xoʻjasoatlik polvonlar bilan olishadimi yo tumanlar oʻzaro olishadimi? Yaxshisi, tumanlarni bir-biri bilan olishtirgan ma’qul.

Turgan gap, shoʻrchiliklar xoʻjasoatliklar bilan olishadi.

Xoʻjasoatlik polvonlar buni biladimi?

Boʻri polvon qishloq polvonlarini izladi. Ular har yerda sochilib oʻtirdi.

Boʻri polvon zoʻr achinish bilan shuni his etdiki... inson qanchalik odil boʻlsin, qanchalik tanti boʻlsin, baribir... baribir oʻz yurti, oʻz eliga tortar ekan...

U davradan chiqdi. Oqsoqollardan Amir polvonni tirsagidan chetga tortdi.
— Polvonlaring har yerda oʻtlab yuribdi, bu nima oʻtirish? — dedi. — Menga qara, zoʻr-zoʻrlarini bir yerga yigʻ. Shoʻrchiliklar kepti... Tushundingmi? Oʻzing bosh boʻl. Qurga tartib bilan chiqar. Shoshma, yetti oʻlchab, bir kes. Shoʻrchiliklarning oʻngi chapiga e’tibor qil. Qaytarib aytaman, faqat shoʻrchiliklarga koʻz tikinglar. Binoyimi?
— Binoyi, polvon bova, binoyi.
— Bir-ikkita dadilrogʻi bilan bizning Tilovberdini davra oxiriga asra. Yoʻgʻon choʻzilib, ingichka uzilganda kunimizga yaraydi. Yana kim bor?
— Shu, Bakirboyning Samarqandda oʻqiyotgan Jonibek uli kelgan. Yaxshi olishi bor-da. Oʻtgan yili kelganda Sariosiyoni mom[5] qilib edi.
— Uning kelganini koʻpchilik bilmaydi-ya? Ma’qul. Ayt, tom ustiga chiqib, oʻzini yashirib oʻtirsin.
— Hay.

XIII

Boʻri polvon davraga kirdi.

Ana, Maksim polvon, Alimardon, Shodi...

Boʻri polvon beixtiyor oyoq ildi.

Juda tanish bir yuzga koʻzi tushdi. Bu kim boʻldi, eslolmadi. Hayron boʻlib tagʻin qaradi. Barmoqlari bilan koʻzlarini uqalab tikildi.

«Yo tavba, — deya pichirladi. — Xuddi Nasimga oʻxshaydi-ya. Yo chini bilan Nasimmikin? Yoʻgʻ-e, u koʻpkarida otdan yiqilib, bir koʻzi ojiz boʻp qolgan, deb eshitib edim. Buning ikki koʻziyam... Tagʻin bir qarayin-chi...»;

Ha, bu Nasim polvon boʻldi!

Nasim polvon davraga qarayaptimi yo olislarga nazar solyaptimi, bilib boʻlmadi. Boshini tik tutib, koʻzi ojizlarga xos oʻtirdi, shoirona oʻtirdi.

Boʻri polvonning koʻngli uyushib-uyushib ketdi. Nasim polvonga juda-juda rahmi keldi. Qulochini keng ochib: «Nasim oshna!»; degisi keldi.

Ammo koʻngli tub-tubida yashirinib yotmish nimadir... nimadir bu istagini rad etdi.

Boʻri polvon ma’yus bosh egdi. Iziga burildi. Bir-ikki qadam bosdi. Tagʻin yelkasi osha qaradi.

Davradagi ovozlarni eshitmay qoldi, odamlarni deyarli koʻrmay qoldi.

Keng yelkalaridan bir nima bosdi. Nima boʻlsa-da, juda ogʻir boʻldi. Zilday ogʻir boʻldi.

Madori quridi, koʻzi tindi. Qur chetida choʻk tushdi.

Xiyoldan keyin qabatidagi odamga oʻgirildi.
— Toʻraoqsoqol, — dedi. — Nasim polvonning koʻzi...
— Bechora otdan yomon yiqilgan ekan, zarbidan bu koʻziyam oqib tushibdi.
— Yo pirim-e, eshitmagan ekanman, tuf-tuf-tuf...
— Falokat-da.

Boʻri polvon oʻng kaftini tizzasiga qoʻydi. Chiroq yorugʻida yiltirayotgan somonga tikilib qoldi.

Begʻubor bolalik, bebosh yoshlik yaqin olislarda... yaqin olislarda — sochlarning oqi, yuzlarning bujuri, koʻzlarning nuri, koʻngilning tub-tubida qoldi...

1

Olam koʻm-koʻk. Falak zangori.
Qishloq etagidagi podayotoq tumonat odam.
Poda yoʻliga chiqmish erkaklar toʻda-toʻda boʻlib gurunglashdi.
Toshlarga choʻnqayib oʻtirmish momolar urchuq yigirdi.
Ayollar — ayollar gʻiybatini qildi.
Oʻsmirlar davra qurib kurash tushdi.
Bolalar koʻngillariga yoqqan oʻyin oʻynadi.
Bir guruh bola moyak urishtirdi.
— Tut nishini, tut! — dedi bir bola.
— Sen tut-da, yutding-ku! — dedi ikkinchi bola. Boʻri qoʻynidan moyak oldi. Tishiga urib-urib eshitib koʻrdi: tik-tik-tik...

Yoʻq, buning joni yoʻq, dedi. Boshqa bittasini tishiga urib eshitdi. O, bunisi zoʻr ekan, dedi.

Boʻri moyakni oʻng kaftida yumdi. Bosh barmogʻi bilan koʻrsatkich barmogʻi orasidan nishini koʻrsatib tutdi.

Bolta moyak nishi bilan unga urdi. Boltaniki zoʻr ekan, Boʻrining moyagini yordi. Boʻri yorilgan moyakni Boltaga berdi.

Bordi-yu, Boltaniki yorilganda, unda, moyak Boʻriniki boʻlardi.

Boʻri bir moyak poyanagini — yoʻgʻon tarafini eshitib koʻrdi. Poyanagi zoʻrday boʻldi. Darrov Boltaga yuzlandi:
— Tut poyanagingni! — dedi. — Ana, seniki yorildi, choʻz buyoqqa! Boʻldi, endi sen bilan urishtirmayman. Nasim, moyagingning belini tut! Bekor, poyanaging bilan urding! Shu gʻirromliging uchun poyanagingni tut, men nish bilan uraman. Ana, yorildi, choʻz buyoqqa!

Adir tarafdan kelayotgan qoʻy-echkilar ma’rashi bilan choʻponlar ovozi tobora yorqinroq eshitildi.

Adir ustida shoxdor serka koʻrindi. Yoʻlboshchi serka qomatini gʻoz tutdi. Olgʻa qarab turdi. Izidan tizilishib turmish qoʻy-echkilar shoxdor serka yoʻl boshlashini kutdi.

Poda adirdan endi.

Odamlar ermaklarini boʻldi qilib, podaga peshvoz chiqdi.

Chimzorni odamlar ovozi bilan qoʻy-qoʻzilar ma’rashi bosdi.

Uloqlar toshdan-toshga sakrab chopdi.

Qoʻy-echkilar tuyogʻi koʻm-koʻk oʻtda koʻkarib ketdi. Qop-qora tumshuqlari yilt-yilt etdi.

Bahor podasidan sut hidi anqidi.

Nasim qoʻylarini Boʻrinikiga qoʻshib haydadi.

Boʻrilarnikiga yetib, qoʻylar ayrildi. Boʻrilarniki darvozaga kirdi. Nasimlarniki yoʻlida davom etdi.

Nasim qoʻlidagi xivichni qoʻylari ketidan otib yubordi.
— Oʻzlaring bora qolinglar, uyni bilasizlar, — dedi.

Oʻzi Boʻrilarnikida qoldi. Boʻridan ayrilgisi kelmadi.

Boʻrining onasi qoʻy-echkilarni koʻganladi. Birovini boʻynidan yetaklab, sayoz chuqurcha ustiga olib keldi.

Boʻri echkini quchoqlab turdi, Nasim uloqni quchoqlab turdi.

Boʻrining onasi kadini chuqurchaga yaxshilab joylashtirib qoʻydi. Ulogʻi emib qoʻymasin uchun echki yeliniga kiydirib qoʻygan doka xaltani oldi. Tirsillab turmish yelinni uqaladi.

Nasim engashib, yelinga qaradi. Keyin, Boʻriga qarab kulib qoʻydi.

Boʻrining onasi Nasimga imo qildi.

Nasim uloqni echkiga iskatdi.

Boʻrining onasi dimogʻida kuylab-kuylab echki sogʻdi:

Esli molim, oqilim, churiya-chur-ey,
Yelkamdagi kokilim, churiya-chur-ey,
Shuncha molning ichida, churiya-chur-ey,
Bogʻda ochilgan gulim, churiya-chur-ey.
Nasim yuzini uloq peshonasiga qoʻydi. Iljaydi. Ma-za qildi!

Togʻlarda bor gulxayr, churiya-chur-ey,
Oq sutingni qil xayr, churiya-chur-ey,
Kelar yili tuqqaning, churiya-chur-ey,
Boʻlsinda Zuhra-Tohir, churiya-chur-ey.
Shu vaqt darvoza tarafdan:
— Oyxol xola-yu, huv-v Oyxol xola! — demish ovoz keldi.

Kuylab sogʻar Boʻrining onasi miq etmadi. Nasim bir seskanib tushdi: chaqirayotgan onasi boʻldi.

Boʻri xuddi onasiga taqlid qilib ovoz berdi:
— Xuvv!
— It qopmaydimi?
— Qopmaydi, kela bering. It bogʻlogʻliq, — dedi. Boʻrining onasi oʻgʻlining taqlididan miyigʻida kulib-kulib sogʻa berdi:

Turtkilasam iyasan, churiya-chur-ey,
Bir kadi sut berasan, churiya-chur-ey,
Yashirib qolgan sutingni, churiya-chur-ey,
Qay bir kimga berasan, churiya-chur-ey.
Boʻrining onasi qaddini koʻtardi, joyidan turdi. Nasim uloqni qoʻyib yubordi. Uloq dirkillab chopdi, uloq diqqillab chopdi. Chopqillab borib, yelinni miq-miq emdi. Darvozadan Nasimning onasi kirib keldi.
— Koʻrgiliging koʻp boʻlgur, bu bola boʻlmadi, kuydirgilik boʻldi! - dedi. - Uyda moyak qoldirmaydi! Podaga yuborsa, qoʻylarning oʻzi keladi! Qayoqqa ketdi u? Yur, uyga!
— Qoʻya bering, uyoqda yotdi nima, buyoqda yotdi nima, — dedi Boʻrining onasi.

Onasi Nasimni qargʻay-qargʻay ketdi. Boʻri bilan Nasim kechasi uyqulari kelguncha bir-birini qitiqlab oʻynadi.
— Senga bir nima aytayinmi, Nasim oshna? Enam somonxonaga moyak yashirib qoʻyibdi.Tong otsin, senga oʻgʻirlab beraman...

2

Oʻtovda ulpi-tomirlar, hamsoya-qoʻllar jam boʻldi. Dasturxonda turfa noz-ne’matlar, palov-nisholda, holva... boʻldi.

Kun qiyom boʻldi.

Oʻtov changʻarogʻidan dasturxonga taftli nur tushdi.

Suyun oqsoqol eshikka ovoz berdi:
— Boʻriqul, changʻaroqni yop-e, oftob tushib qoldi! Boʻri changʻaroq ipini tortib yopdi.

Oʻtov ichi qorayib qoldi.

Nasim oʻtov chiptalarini yigʻib qoʻydi.

Oʻtov tagʻin yorishdi.
— Suv olib kelinglar, qoʻlni chayqaylik, — dedi Suyun oqsoqol.

Boʻri yelkasiga sochiq tashladi. Obtovada odamlar qoʻliga suv quydi.

Dasturxonga alohida, palovga alohida fotiha oʻqildi.
— Oyxol momo deyman, olib keling endi ataganingizni!

Suyun oqsoqol shunday deya, qabatida oʻtirmish Mamat bobo tizzasiga kaft qoʻydi. Qiroat bilan gap boshladi:
— Bir ibratomuz hikoyat eshitganim bor...
— Ha-a, qani-qani, - dedi Mamat bobo.
— Diyonatli zamonlarda manavi Boʻriqul bilan Nasimga oʻxshagan ikki boʻzbola tuz-namak boʻlib, toʻn yopishib oshna boʻlibdi. Ikkoviyam yolgʻiz farzand ekan. Alqissa, ikkoviyam bir qorindan talashib chiqqan emchak-doshdanda inoq, mehribon boʻlib yurganlarida ularning yurtida oʻgʻri paydo boʻlibdi. Podsho oʻgʻrilarni qidirtira boshlabdi. Ikki oshnaning haminqadar qalinligini koʻrgan aygʻoqchilar ularni oʻgʻri gumon qilib, podshoga chaqibdilar. Podsho ularni oyogʻini yerga tekkizdirmay keltirib, tergay boshlabdi. Ular ayblarini boʻynilariga olmabdi. Aslida yoʻq aybni qanday qilib boʻyinga olib boʻladi deysiz.
— Shunday, shunday.
— Alqissa, podshoning qahri kelib, ularning oʻjarrogʻini dorga osmoqchi boʻlibdi. Shunda ikkinchisi: «Yoʻq, meniyam qoʻshib osing»;, debdi. Podsho boʻlsa: «Bor-e, mendan nima ketdi»;, deb ikkoviniyam osmoqchi boʻlibdi. Birovini dor ostiga olib kelib, boʻyniga sirtmoq solibdi. Shunda, unisi kelib podshoning oyogʻiga yiqilib: «Ey, podshoi olam, avval meni osing»;, deb yolvoribdi. Podsho: «Nimaga unday deysan, farqi nima?»; — debdi. U boʻlsa: «Yoʻq, hazratim, birinchi meni osing, men oshnamning oʻlimini koʻrmayin»;, debdi. Podsho: «Ha, mayli. Menga baribir»;, deb qoʻl siltabdi. Uni qoʻyib yuborishni buyuribdi. Bunisining boʻyniga sirtmoq solibdilar. Endi haligina ozod qilingani kelib podshoga yolvoribdi: «Avval meni osing, birinchi men oʻlayin»;, debdi. Podsho ajablanib: «Sening muddaong nima?»; — debdi. U: «Hazratim, men oshnamning oʻlishini koʻrib qanday chidab tura olaman? Undan koʻra birinchi meni osing»;, debdi.
— Hay-hay! Qarang, ana qarang! — deya koʻzlarini katta-katta ochdi Mamat bobo.
— Alqissa, jallodlar dor ostiga unisini olib borsa, bunisi podshoga yolvorarmish: «Avval meni osing»;, dermish. Bunisini olib borsa, unisi... Jam boʻlgan jamoat ichida yigʻlamagani qolmabdi. Podsho ikki oshnagada qoyil boʻlibdi. Har ikkovinida ozod qilib yuboribdi.
— Ofarin, ofarin! — deya, boshini sarak-sarak qildi Mamat bobo.
— Qissadan hissa shulki, Boʻriqul bilan Nasim ham shu kundan e’tiboran xuddi oʻsha ikkoviday qiyomatli doʻst boʻlsin...

Boʻrining onasi Nasimning yelkasiga beqasamdan toʻn yopdi. Peshonasidan choʻlp-choʻlp oʻpdi:
— Endi sen ham mening ulim boʻlding! — dedi. Boʻrida Nasimlarnikida shunday toʻn kiyib edi. Nasim onasida Boʻriga shunday deya, peshonasidan oʻpib edi.

XIV

Boʻri polvon bosh koʻtardi. Nasimga qaradi.

«Qaribdi, juda qaribdi, — deya xayollandi. — Yo, men ham shunday qaridimmi? Yoʻgʻ-e, odamlar, yuzlaringizdan qon tomadi, deyishadi-ku...»;

Boʻri polvon ruhida iliq kayfiyat paydo boʻldi.

Tagʻin xayolga choʻmdi...

1

Tik qir. Yolgʻizoyoq yoʻl.

Qirga oʻrlab borayotgan hangi charchadi. Quloqlari osti terladi.

Yuk ogʻir-da: egasi boʻldi, xurjunda ikki koʻzacha suv, ikki bogʻ qiyoq oʻt boʻldi.

Boʻri hangini yerga tushib haydadi.

Hangi boʻynini choʻzdi. Bor kuchi bilan oʻrga oʻrladi.

Nihoyat, Holvachining qiriga chiqdilar.

Hangi oʻrkachlarda arqonlanmish eshaklarga tumshugʻini choʻzib-choʻzib hangradi.

Ikkita hoʻkiz qoʻshigʻlik chigʻana bugʻdoy dastalari oralab yurdi. Chanachi panshaxa bilan dastalarni chigʻanaga ortdi.

Qizlar oʻrkachlarda sochilib-sochilib bugʻdoy oʻrdi.

Bir qiz qoʻshiq aytdi. U, Momoqiz boʻldi.

Oftob qirni qizdirdi. Havoda bir nima koʻzni qamashtirdi. Jimir-jimir mavjlandi.

Bu — hil boʻldi.
Oltin boshoqlar toʻlgʻondi.
Bugʻdoyzor chayqaldi, bugʻdoyzor shovulladi.
Oʻnlab qizlar Momoqizga joʻr boʻldi:

Gʻujmoqi bugʻdoy,
Donginang toʻq-ay,
Toʻp boʻl, oʻrayik,
Xoʻpda koʻrayik.
Holvachining qirlaridan bugʻdoy hidi keldi. Gala-gala chumchuqlar oʻrkachma-oʻrkach uchib donladi.

2

Qizlar Boʻrini oʻzlari tarafga imladi.
— Boʻri, berman hayda! — dedi.

Boʻri hangini Momoqiz tarafga haydadi. Qizlar shu yoqqa qarab chopdi.

Boʻri qiyoqni qizlarga gartdak-gartdakdan berdi; Momoqizga moʻlroq berdi.

Qizlar Boʻrini kunilab-kunilab ketdi.
— Xasis, Boʻri xasis! — dedi.
— Egachim elakli boʻldi, elagi tilakli boʻldi! — dedi.
— Boʻridan it ham baraka topmaydi! — dedi.

Boʻri suvni chaylaga tushirdi. Hangini arqonlab keldi.

Momoqiz bugʻdoybogʻ soyasida oʻtirdi. Oʻrogʻini yerga qadab qoʻydi. Roʻmolini boshiga yelvagay qilib oʻradi. Bir uchini qayirib ogʻziga tishladi. Choʻp bilan yer chizdi. Ensiz qoshlari, kipriklari xiyol egildi... Boʻridan nimadir kutdi.

Boʻri iyagini qashidi. Turdi-turdi, chaylaga qarab yurdi. Yarim yoʻlda yelkasi osha qaradi. Darrov koʻzini oldi. Qaraganlariga pushaymon boʻldi.

Boisi, Momoqizda Boʻriga qarayotgan edi!

Boʻri chaylada uxlayotgan Nasimni turtdi.

Nasim gʻudurlab, u yoniga agʻdarildi.

Boʻri Nasim qoʻlidan tortdi.

Nasim esnadi. Nima deysan, deganday Boʻriga qaradi.
— Nasim oshna, bir gap aytsam, birovga aytmaysanmi? Oshna, Momoqiz yaxshi, eshityapsanmi, u yaxshi... - dedi Boʻri.

Nasim sergak boʻldi. Boʻriga sinovchan tikildi. Boʻri koʻzlarini pirpiratdi. Gapida davom etdi:
— Nasim oshna, sen Momoqizga ayt, Boʻri seni tushlarida koʻradi, de. Senga qiyoqni doʻrjiroq berishida gap bor, de.
— Oʻzing ayta ber.
— Men? Bor-e, qaytib aytaman?
— Oʻzing bilasan.
— Qoʻrqaman-da, Nasim oshna. Sen bilmaysan, necha martalab aytaman dedim, boʻlmadi. Koʻziga koʻzim tushsa... garang boʻp qolaman. Haliyam aytaman deb borib, nima deyishimni bilmay qaytib keldim. Nasim oshna, sen mening qiyomatli oshnamsan-ku, sen ayt.
— Koʻramiz.

Boʻri Nasimni bagʻriga bosdi. Quvonchidan, haligina olib kelmish suvdan bir kosa quyib berdi.

3

Qosh qoraydi.

Qizlar qatorasiga toʻshak solib yotdi.

Yoz chigirtkalari chirilladi.

Eshaklar tarsillatib yer tepindi.

Gulxan miltiramish olis kamardan doʻmbira ovozi keldi, elas-elas qoʻshiq keldi.

Osmonda oy balqidi.

Nasim qizlar tarafga yurdi.

«Hozir chaqirib kelsa-ya?»; — oʻyladi Boʻri.

Boʻri qoʻrqqanidan eshaklar yotgan yoqqa ketdi. Eshak jabdugʻiga choʻnqayib oʻtirdi.

«Chaqirgani bilan baribir bormayman. Oshnam boʻlsa, oʻzi aytsin»;, — koʻnglidan oʻtkazdi.

Oʻtirdi-oʻtirdi, tagʻin qaytib keldi. Chalqancha yotmish Nasim oldiga choʻkkaladi. Qoʻlini ushladi.
— Nasim oshna, u nima dedi-a? — deya soʻradi. — Koʻzingni ochib ayt, nima dedi? Yo, uyalib indamadimi?

Nasim Boʻriga oʻgirildi.
— Boʻri, men gaplaringni oqizmay-tomizmay aytdim. Boʻri oshnamga sensiz kunduz ham qorongʻi, dedim.
— Uh, bormisan, oshna! U nima dedi?
— Joʻra, u, beti qursin, deb qoʻl siltadi. Senga koʻngli yoʻq ekan, joʻra. Ishonmayapsanmi? Mana, qiblaga qarab aytaman: agar yolgʻon aytsam, koʻr boʻlayin!

Boʻrining dili xufton boʻldi. Bir mahalgacha xoʻrsinib yotdi.

Azonda koʻrpa-toʻshagini hangi ustiga tashlab mindi.

Nasim hangi yolidan ushladi. Boʻrini yoʻldan qayirmoqchi boʻldi.

Boʻri bosh silkidi. Koʻnglidan shunday gaplar oʻtdi:

«E, qoʻy, oshna, ketaman. Qizlardan qachon yorugʻlik chiqib edi-da, endi chiqadi. Men ularni odam deb, qiyoq tashib yuribman-a»;.

Nasimning burni terladi. Tiniq yuzlari qizardi.
— Boʻri, oʻlay agar, hundisan, hundi! — dedi. — Ichimdagini top, deb bezrayib tura berasan! Bir Momoqiz uchun shunchami? Ana, qir toʻla qiz!

Boʻri hangi yagʻiridan koʻzini olmadi.

«Nasim oshna, hech boʻlmasa indamay qoʻysin edi, — dedi ichida. — E, boʻldi, koʻrmayin ham, kuymayin ham...»;

Boʻri xirmonga yoʻl oldi.

4

Xirmonchi chollar Boʻriga galagov[6] haydattirmadi.

Avvalambor, hoʻkizlar Boʻriga oʻrganmogʻi lozim boʻladi. Boʻlmasa, begonasiraydi, yurmaydi.

U mayda-chuyda yumushlarni bajarib yurdi.

Bir kuni oftob qaytib, hoʻkizlarni suvlatib keldi. Oʻng kaftini peshonasiga soyabon qilib, qirga qaradi.

U... Momoqizni koʻrgisi keldi!

Hangini qirga burdi. Soy yoqalab borayotib edi, eshakli Nasim qirdan enib kela berdi.

Boʻri iziga qaytmoqchi boʻldi, ammo sir boy bermadi. Yoʻlida davom etdi.

Yuzma-yuz boʻlib toʻxtadi.

Garchi Nasim soʻramasa-da, Boʻri boshi bilan qirga ishora qildi.
— Shu yoqqa... xirmonchilar bir ish bilan yuborib edi, — dedi.
— Yur, chaylaga, — dedi Nasim.
— Yoʻq, ishim zaril.

Nasim ayyorona iljaydi. Xushroʻy koʻzlari oʻynadi. Tishlari orasidan «chirt»; etib tupurdi.
— Momoqizning oldigadir-da? — dedi. Boʻri lovillab ketdi.
— Ha, Momoqizning oldiga, ha! — dedi. — Senga shu gap kerakmidi?
— E, bor, menga desa, oyogʻiga yiqil!
— Yiqilaman! Men shunday oyoqosti odamman! Boʻldimi? Poyiga yiqilib, Momoqiz, men senga nima yomonlik qilib edim, deyman! Boʻldimi?

Boʻri hangiga xodachoʻp urdi.

Nasim tahlikaga tushdi. Izidan yetib kelib, yoʻliga koʻndalang boʻldi. Boʻri hansiradi.
— Qoch yoʻldan, qoch! Men Momoqizga yolvorgani ketyapman! — dedi.
— Boʻri, borma!
— Nega hukm qilasan? Nima, hosilotmisan?!
— Boʻri, meni joʻram desang bormaysan.
— Senga nima?!
— Boʻri, men... seni aldab edim. Bir-biriga tikildi.

Nasim koʻzlarini olib qochdi. Soʻqmoq chetidagi turnaqator qumursqalarga tikilib qoldi...

5

Boyagi tun. Choʻponlar gulxani. Elas-elas qoʻshiq.
— Ayt aytgichingni, Nasim, qizlar yomon xayolga boradi.
— Momoqiz, Boʻri senga bir gap aytaman, deb yuribdi.
— Bilaman, aytolmayapti.
— Momoqiz, u menga koʻnglini yordi, tayin ayt, dedi.
— Oʻzimga aytishga uyalgan gapni senga aslo aytmas.
— Aytishga bet chidamaydigan gap-da, Momoqiz. Aytayinmi, nima dedi? Momoqiz bilan... oʻynagim kelyapti... qoʻyniga kiraman, dedi.
— Yo pirim, chini bilan shunday dedimi?
— Aldasam, koʻr boʻlayin!
— Unda, Boʻrining betiga qaramaganim boʻlsin! Betini murdashuy koʻrsin!
— Tagʻin, unga aytib yurma, oshna degan otimiz bor...

6

Boʻri hangini olgʻa qimtidi.

Yonlaridan odam boʻyi quyun charx urib oʻtdi.
— Ayt, nima deb aldading?
— Aytmayman.
— Men senga gapiryapman!
— Boʻri joʻra, ursang ur, baribir aytmayman.
— Ayt deyapman!
— Boʻri, joʻra, Momoqiz mengayam yoqadi... Boʻri iziga burildi. Xirmonga keldi. Qorongʻi tushgach, supaga toʻshak tashlab yotdi. Chollar uyqulari kela bermagach, choʻpchak aytdi, matal aytdi.

Boʻri boshini koʻrpa ostiga yashirdi. Koʻzlarini yumdi...

Boʻrining koʻnglida oʻz dostoni boʻldi. Bu doston hali kuylanmadi. Dostonni uch odam bildi: Momoqiz, Nasim, oʻzi bildi. Doston davom etdi...

XV

Ayoz zoʻraydi.

Polvonlar ogʻzidan chiqmish bugʻ quyuqdan-quyuq boʻldi.

Olish qizigandan-qizidi.
— Polvonlar, oʻynab-oʻynab olishinglar! — dedi davra.
— Ha-ha-a-a, gardkam!
— E, qoʻyma!
— Omon polvon, chil ber!
— Shu, Boboqul bilan Mamat polvon juda lanj ekan, nima dedingiz, Boʻri polvon?
— E, siz soʻramang, men aytmayin! — dedi Boʻri polvon. — Magʻzava, lanj ham gapmi, magʻzava! Xaloyiq, koʻrdilaring, Boboqul polvon bilan Mamat polvon ne vaqtdan buyon olishib, na yiqitadi, na yiqiladi! Yerga qarab suyashib yurgani yurgan! Men ularni qurdan haydab yuboraman, maylingizmi?
— Davraning fikriyam shu!
— Boʻlmaganga boʻlishma degan!
— Boboqul, koʻp chaqchayma, Boʻri polvon toʻgʻri qilyapti!
— Olish — san'at, ha!
— Minglab odam uyqudan qolib senga qarab oʻtiribdi! Shunday ekan, san'atingni koʻrsat-da, bachchagʻar!

XVI

— Xaloyiq, — dedi Boʻri polvon, — manavi ikki polvon davraga gaplashib chiqibdi ekan! Birovimiz astagina yiqilib, olgan qoʻyni soʻyib yeymiz, deb kelishibdilar. A? Buni menga aygʻoqchilar yetkazdi! Qolabersa, olishlariyam koʻrsatib turibdi! Xaloyiq, men bularniyam davradan badargʻa qilaman!
— U-u, ola jelak, undan koʻra boʻyningga toʻrva osib tilanchilik qil!
— Oʻl-e, shu kuningga-ey!
— Qoʻy yeysan-a, qoʻy yeysan, zaharimni ye! Polvonlar qurdan bosh egib, quruq chiqib ketdi. Juma polvon Sher polvon ichidan chil berdi. Sher esa uni belidan mahkam quchoqlab turdi. Bordi-yu, Jumaning oyogʻi chiqib ketsa, Sher polvon uni koʻtarib, orqaga qayirib uradi.
— Sher polvon, koʻtar osmonga, koʻtar!
— Yo-yo-yo!

Juma polvonning oyogʻi ilonday chirmashgan ekan, chili chiqmadi.
— Sher polvon, bu koʻtarishing bekor! Dast koʻtarish kerak, dast!
— Qoʻrqma, yiqilsang izingdan oʻzim chiqaman!
— Koʻtarayotganingda orqaga koʻp chalqayma, bu xavfli! Koʻta-a-ar!
— Yo-yo-yo!
— Chilini chiqarib yubor, chilini!
— Yo-yo-yo!
— Bali-bali-i-i! Gurs!
— Barakalla, Sher polvon, bundan ziyod yiqitib boʻlmaydi!
— Toʻnni toʻrdagi chollarga berib ket, olqaydi!
— Namoz polvon, yerni tavof qil, qoʻllaydi! Alimardon polvon...
— Yo-yo-yo...
— Bali, polvon, bali! Mening qoʻlim emas, otamning qoʻli, deb olish, ha!
— Polvon, piringni hamisha yod et, madad beradi!

1

Boʻri uygʻonib, tevarakka alangladi.

Tong otdi.

Hoʻkizlar mudrab-mudrab, vazmin-vazmin kavsh qaytardi.

Toʻrgʻay hangi yagʻiriga qoʻnib chuldiradi.

Fayziyob yellar yeldi.

Boʻri ertalabki ta’tildan keyin uch hoʻkizni bir-biriga boʻynidan matab, galagovga qoʻshdi. Oyoqlariga choriq kiydi. Tolxivichni olib, xirmonga kirdi.

Xirmonchi chol panshaxa bilan yoyilib ketayotgan somonlarni hoʻkizlar oyogʻi ostiga tashlab turdi.

Hoʻkizlar xirmon yancha berib oʻrganib qoldi. Hamisha bir yoʻldan yurdi.

Hoʻkizlarga ergashib yurgan Boʻrining choriqlari somonga koʻmilib-koʻmilib ketdi.

Xirmonchi chol:
— Hay barakalla! Maydalab hayda, maydalab! — dedi.

Boʻri cholga qarab kulib qoʻydi. Tomogʻini qirdi.

Bobotogʻ choʻqqilari yorishdi.

Qirga oʻrlab ketadigan soʻqmoqda bir eshakli bordi. U Nasim boʻldi. Nasim oʻroqchilarga qiyoq olib bordi.

Boʻri tishlarini-tishlariga qattiq bosdi.

Gavron bilan hoʻkizlar sagʻrisiga soʻkdi. Bor ovozi bilan qoʻshiq boshladi:

Yoʻrtib-yoʻrtib haydagin-a, mayda-yo, mayda-yo,
Don somondan arisin-a, mayda-yo, mayda-yo,
Ayni sahar boʻlganda-yo, mayda-yo,
Xoʻjayi Xizir dorisin-a, mayda-yo, mayda-yo.
Hoʻkizlar qadamidan chuqur iz qoldi.Somon tagidagi bugʻdoy gʻijir-gʻijir etdi. Boʻrining ovozi dardli boʻldi:

Ayri-ayri tuyogʻing, mayda-yo, mayda-yo,
Olmos boʻlsin jonivor-a, mayda-yo, mayda-yo,
Seni boqqan dehhonlar-a, mayda-yo, mayda-yo,
Sarmast boʻlsin jonivor-e, mayda-yo, mayda-yo.
Jonivor, anovi ketayotgan eshaklini koʻryapsanmi?

U mening qiyomatli oshnam Nasim.

Jonivor, mening na otam, na aka-ukalarim bor. Yolgʻiz oʻgʻilman. Otam ham, aka-ukalarim ham ana shu oshnam...

Hayda, jonivor, hayda, temir tuyogʻim, hayda!

Moʻl xirmondan oldim somon, mayda-yo, mayda-yo,
Oshiqqa qorongʻidan oydin yomon, mayda-yo, mayda-yo,
Oshiqlar murodini bersin xudo, mayda-yo, mayda-yo,
Kechalar yomgʻir yogʻar, kunduz tuman, mayda-yo, mayda-yo.
Birovga aytma, jonivor, hay anavi qirda bir qiz bor, shu qiz mening koʻnglim edi.

Qiyomatli oshnam koʻnglimga chang soldi! Uh, koʻrgilik!

Men oshnamga ishonib edim, jonivor. U ishonchimni oyoqosti qildi.

Qiyomatli oshnangdan shu ish kelgandan keyin oʻzgalardan nima umidu nima xayr?

Birovga aytma, jonivor, aytgiligi yoʻq...

Yana-tagʻin qasam ichdi, jonivor, eshityapsanmi, qiblaga qarab qasam ichdi! Qasam yomon, jonivor, yomon...

Hayda, jonivor, yoʻrtib-yoʻrtib hayda!

Vo ajab, bu qanday dunyo boʻldi, jonivor?

Oʻrtada burun boʻlmasa, u koʻz bu koʻzni oʻyib oladi shekilli?

Momo oʻzi yaxshi qiz, mayda-yo, mayda-yo,
Mayda bilan toʻqmiz biz, mayda-yo, mayda-yo,
Bugʻdoy kirsa omborga, mayda-yo, mayda-yo,
Toʻy qilardik erta kuz, mayda-yo, mayda-yo.
Oʻzing oʻyla, jonivor, Nasim koʻrib-bilib turib, Momoqizga koʻz olaytirdi-ya! Jonday oshnasi suyganiga-ya?..

Jonivor, men Nasimning onasini onam, deb edim. Onasi qoʻllaridan tuz yeb edim...

Onalarimiz, oʻla-oʻlguncha sodiq doʻst boʻlinglar, deya, bizga oq fotiha berib edi...

Boʻz-boʻziga — boʻziga, mayda-yo, mayda-yo,
Qoʻylar kelar qoʻziga, mayda-yo, mayda-yo,
Erkak hazil qilarmi, mayda-yo, mayda-yo,
Oshnasi suyganiga, mayda-yo, mayda-yo!..

Oshiq boʻldim, arpaning somoniga, mayda-yo, mayda-yo,
Oʻlim bersin, qizlarning yomoniga, mayda-yo, mayda-yo!..
Jonivor, boʻldi, men endi Nasim bilan yuz koʻrishmayman.
Boʻldi, men endi Nasim bilan bir umr gap qoʻshmayman...

XVII

Tun yarimladi.

Polvonlar siyrakladi.

Karim poʻstak bilan Rahmat polvon qoldi.

Karim poʻstak? Oydinkim, poʻstakni qayoqqa otib yuborsa, yerga albatta teskarisi bilan borib tushadi.

Karimni ham qayoqqa otib yuborsa, yerga teskarisi — koʻkraklari bilan borib tushadi.

El Karimni poʻstak deyishining boisi ana shunda.

Karim poʻstak Rahmatni qoʻl chilga oldi: oʻng qoʻlini uning qoʻltigʻidan oʻtkazib, yoqasidan ushladi.

Rahmat polvonning chap qoʻli ketiga qayrildi.

Davra qichqirib yubordi:
— Ay-ay, poʻstak, qoʻyib yubor!
— Qoʻyib yubor desa! Karim poʻstak qoʻyib yubordi.

Qaytadan olishganlarida tagʻin qoʻl chilga oldi. Boʻri polvon ularni ajratib qoʻydi.
— Xaloyiq! — dedi. — Karim polvon qoʻl chilga olib nomardlik qildi! Uning koʻnglida yovuzlik borakan! Men uni davradan badargʻa qilmoqchiman, siz nima deysiz?
— Toʻgʻri-toʻgʻri!
— Bundaychikin polvonni yana qaytib davraga yonosh-tirmaslik kerak!
— Karim poʻstakning koʻngli kir ekan! Boʻri polvon Karim poʻstakka yuzlandi.
— Ana, eshitdingmi? — dedi. — Xalq hukmi — Haq hukmi! Chiq! E, sadqai davra ket! Qani, rais bova, Rahmat polvonga haqini bering! Karim poʻstakni yiqildi, deb hisobladman!

Qoʻl chil azal-azaldan man etiladi. Boisi, qoʻl chilga olinmish qoʻl yo chiqib ketadi, yo sinib ketadi.

Qoʻl lat yegach, qoʻl oʻynama boʻlib qoladi.

Oqibat, polvonning yana qaytib davraga chiqishi amri mahol boʻlib qoladi.

Boʻri polvon davrada yillab olishdi. Ammo biron martada qoʻl chilga olmadi.

Ha, darvoqe...

1

Bu, Qobil shoʻroning toʻyida boʻldi.

Kolxoz kattalari shoʻroning izzati uchun xizmatda boʻldi.

Kattalar orasida Boʻri polvonda boʻldi.

U yaqinda brigadir boʻldi.

Brigadirlikka tayinlanishi qiziq boʻldi: kolxoz raisi bir necha polvon bilan qoʻshni Regar tumaniga toʻyga shaylandi.

Boʻri polvongada odam yubordi.
— Borolmayman, mazam yoʻq... — dedi Boʻri polvon. Aslida, bormasligi boisi boshqa yoqda boʻldi. Boʻri polvon raisni yomon koʻrdi. Boʻri polvon raisdan hazar qildi.

Hazar boisi, rais buzugʻoyoq boʻldi...

Shu bois, Boʻri polvon rais bilan toʻy-ma’rakalarga yurmadi.

Boʻri polvon rais bilan osh-qatiq boʻlmadi.

«Nahs bosgan odam bilan bir yoqqa yurib boʻladimi? Boʻlmaydi! Tagʻin, yoʻlda biror-bir falokat yuz beradi-da, barimiz juvonmarg boʻlib ketamiz...»;

Boʻri polvon ana shunday oʻyladi!

Boʻri polvon, raisimiz oʻzi kelib qolmasaydi-yov deya, boshini sochiq bilan oʻrab-oʻrab oldi. Koʻrpa-toʻshak qilib yotdi.

Darhaqiqat, rais bir brigadir bilan keldi. Devordan yoʻtalib-yoʻtalib boʻyladi. Qabatidagi brigadirdan:
— Kampirning oti nima edi? — deya soʻradi.
— Oyxol momo, — javob berdi brigadir.
— E, ha, Oyxol momo... Oyxol momo! O, Oyxol momo! — deya chaqirdi rais.

Boʻri polvon miq etmadi. Deraza pardasi burchidan bir koʻzlab qarab yotdi.

Boʻri polvon onasi molxonadan chiqib keldi. Onasi qoʻllari... qop-qora tappi yuqi boʻldi!

Rais aftini burishtirdi. Yuzini chetga oʻgirdi.
— Tfu! — deya tupurdi. — Qoʻlingizni naryoqqa qiling-e, kampir! Fahm-farosat bormi oʻzi!..
— Tirikchilik, inim, tirikchilik, — dedi onasi.
— Tirikchilik boʻlsa, odamga oʻxshab oʻtin oling, koʻmir oling!..
— Koʻmirni pulga beradi-da, inim. Nafaqani oshirsalaringiz ekan, koʻmir olsak.
— Qiladigai kasbingiz tappi yopish boʻlsa, nafaqangizni oshirib boʻladimi! Bu... polvon qani?

Onasi Boʻri polvon tayinlamish gapni aytdi:
— Koʻchaga chiqib ketib edi, — dedi. Rais alam bilan devorga tupurdi;
— Tfu! — dedi. — Hozirgina uyida deyishdi-ku?
— Chin, uyda edi. Boyanagina doʻxtirga boraman, deb ketdi.

Rais yelkasidan nafas oldi.
— Uf-f! — deya, tagʻin tupurdi.

Rais peshonasi tirishdi. Rais koʻzlari qisildi. Rais lablari choʻchchaydi.

Rais... alamini Boʻri polvon onasidan oldi:
— Besh kunligingiz bormi-yoʻqmi, nafaqani nima qilasiz! — deya joʻnadi.

«He, enagʻar nahs...»;— deya soʻkdi Boʻri polvon.

2

Boʻri polvon bormagan Regar davrasi katta boʻldi.

Davrada Tojikiston bir taraf boʻldi, Surxondaryo bir taraf boʻldi.

Davraga Denov tumani kattalarida keldi.

Surxondaryo polvonlari Denov kattalarini qora tortib, kattalar tevaragida jam boʻldi.

Kattalar Surxondaryo shon-sharafi uchun talashib-tortishdi!

Hay bir kattalar bor edi-da! Or-nomus uchun kuyib-pishardi, shon-sharaf uchun kuyib-pishardi!

Endigi kattalar majburiyat bilan majlisdan boshqa narsani bilmaydi!

Baribir, surxondaryoliklar yiqildi! Yoppasiga!

Regardan Oʻtan polvon degan chiqib, Surxondaryoning suyangan togʻlarigacha terib tashladi!

Bakovul Denov kattalariga qarab iljaydi.
— Boʻlganlaringiz shumi, okun? — dedi. Kattalar ulay-bulay izza boʻlmadi! Ijroqoʻm raisi ketiga oʻgirildi.
— Boʻri polvon qani? — deya doʻqladi.
— Mazasi yoʻqroq ekan, kelolmadi, — javob berdi kolxoz raisi.

Ijroqoʻm raisi afsusli qoʻl siltadi. — E-e-e! — deya ijirgʻandi.

Kattalar davraga duo berilmasdanoq etaklarini qoqib turib ketdi.

Izidan polvonlar joʻnadi.

3

Alamzada kattalar Regardagi yana bir davraga Boʻri polvonni olib bordi.

Davra oxirida oʻsha Oʻtan polvon deganiga chaqirtirildi.

Denov kattalari Boʻri polvonni davraga tushirdi.

Kurashni asl zoʻr polvonlarga chiqargan-da! Yo yiqitadi, yo yiqiladi! Choʻzib oʻtirmaydi!

Oʻtan polvon birinchi qoʻldayoq Boʻri polvonning ichidan chil soldi.

Boʻri polvon Oʻtan polvonni choʻnqaymaga olib urdi! Surxondaryoning shon-sharafini koʻtardi!

Kattalarning ogʻzi qulogʻiga yetdi.

Denovda Boʻri polvon sharafiga ziyofatlar berdi. Sovgʻa-salomlar berdi.

Boʻri polvonni brigadirlikka qoʻydi.

Shu-shu, tuman kattalari davralarga Boʻri polvonsiz bormaydigan boʻldi.

4

Shoʻroning toʻyida Nasim polvonning omadi keldi.

U togʻchi urugʻidan ikki polvon bilan olishdi. Ikkoviniyam birinchi qoʻldayoq yiqitdi.

Oʻzga polvonlar pisib-pisib qoldi.

Nasim polvon bakovul roʻparasida oʻtirdi. Navbatdagi polvonni kutdi.

Bakovul davraga chorladi:
— Nasim polvonga talabgor boʻlsa chiqsin!

Boʻri polvon joyidan bir qoʻzgʻalib oldi: u bor davrada hali biron martada bundayin chaqiriq eshitilmab edi-da...

Ogʻir vaziyat boʻldi!

Boisi, davrada gʻolibdanda zoʻr polvon oʻtiribdi! Boʻri polvon oʻtiribdi!

Bakovul polvonlar koʻngliga qoʻl soldi-qoʻl soldi, favqulodda xatolikka yoʻl qoʻydi.
— Otangga rahmat, Nasim polvon! — dedi tantanavor. — Boʻpti, keta ber, sendan zoʻr polvon yoʻq ekan!

Boʻri polvonga botib-botib ketdi!

Boʻri polvon peshonasi tirishdi. Bakovulga oʻqraydi. Ichida mana bunday dedi:

«He, ukkagʻar loppi! Nasim hammani qoyil qildi? Nasimdan zoʻr polvon yoʻq? U oʻzi kim?»;

Boʻri polvon oʻzining davrada oʻtirganini bildirish uchun qirinib-qirinib yoʻtaldi.

Qabatida oʻtirmish Sana polvonga zoʻrma-zoʻraki bosh irgʻab qaradi. Zoʻrma-zoʻraki iljayib qaradi. Bu bosh irgʻashda, bu iljayishda manavi kinoya boʻldi:

«Karang-a, Sana polvon, shunday zoʻr polvon bor ekan, biz bilmabmiz-da...»;

U, Sana polvon bakovulga borib, mana bunday deydi, deya umid qildi:

«Bakovul, gapingizni qaytib oling. Gapingiz Boʻri polvonga botib ketdi»;.

Ammo Sana polvoni tushmagur, Boʻri polvon koʻnglidagini uqib ololmadi.

Boʻri polvon ichini it tirnadi.

«He, kallang qursin, sendaychikin Sana polvonning! — dedi ichida. — Bu polvon emas, govkalla! Sana govkalla!»;

Boʻri polvon Sana polvondan yuz oʻgirdi. Chap oyogʻiga qayrilib oʻtirdi.

Davra chetida lov-lov yonmish mash'alaga qarab oʻtirdi.

Yerga suqigʻlik odam boʻyi temir uchida loʻpchik lov-lov yonib turdi.

Bir bola loʻpchikka yermoyi sepib turdi.

Boʻri polvon qoboq-tumshuq qilib oʻtirdi-oʻtirdi... Endi, oʻzini-oʻzi ovutdi:

«Bakovul laqillasa laqillay beradi-da! — dedi ichida. — Nasim mening oldimda oʻzining hech kim emasligini yaxshi biladi!»;

Ammo Nasim polvon qurdan chiqa-chiqa, davraga shunday gʻolibona qaradi, shunday gʻolibona qaradi!

«Baringni qoyil qildimmi!»;— deganday boʻldi!

Boʻri polvon sabr-toqati toq boʻldi! Boʻri polvonni polvonlik qoni qoʻzgʻadi!
— E, shoshma! — deya, sapchib davraga kirdi. Buni kutmagan bakovul dovdirab qoldi.
— Sizni oshnasi deb oʻylab...— deya tavallo qildi. Boʻri polvon — Boʻri polvonligini qildi! Azaldan polvon xalqida sal... kamroq boʻladi, degan gap bor, Yoʻq, polvonlarda kam boʻlmaydi! Polvonlar vujudida hovur boʻladi! Polvonlar koʻpkariga boqilmish otday asov boʻladi!

Polvonlar misoli ogʻir tosh boʻladi. Ogʻir tosh uncha-munchaga koʻchmaydi. Bordi-yu, falokat bosib koʻchsa, yomon koʻchadi! Ogʻir tosh koʻchsa, yomon boʻladi!

Ana, koʻchdi, ogʻir tosh koʻchdi!

Boʻri polvon davra aylandi. Alp-alp odimlar otdi. Nasimda davraladi. Boʻri polvon izidan yurdi.

Boyagi dagʻdagʻalar qayoqda! Yelkalar qisiq boʻldi, qadamlar omonat boʻldi...

Zoʻrdan zoʻr chiqsa, oyogʻi tipir-tipir! Boʻri polvon Nasim yuziga qaramadi. Davrada kimdir sarosima bilan dedi:
— Ikki oshna-ya. Oxir zamon boʻlyaptimi deyman.
— Oshna boʻlgani bilan ikkovi gapirishmaydi.
— Biror gap oʻtgandir-da.
— Kim biladi deysiz... Boʻri polvonga alam qildi.

«Uh, qizbet! — dedi. — Aqalli bir ogʻiz chiqmayman, demadi-ya!»;

Juda-juda alam qildi.

«Qizbet! Itdan boʻlgan, qurbonlikka yaramas! Qarab tur, sen qizbetni davraga qaytib chiqmaydigan qilmasam koʻrasan»;.

Boʻri polvon toʻxtadi. Ishtonini tizzasigacha lippa urdi. Koʻkraklarini ochdi. Yovuz niyat qildi:

«Qizbetni birdan qoʻl chilga olaman»;.

U vajohat bilan Nasim polvonga qarab yurdi.

Nasim polvon vajohatida undan kam boʻlmadi...

Bu, Boʻri polvon oʻz niyatini amalga oshirish uchun boʻlgan ishtiyoqini yanada zoʻraytirdi.

«Bakovul sezib qolib qichqirsa-da, baribir qoʻl chil qilaman! Oʻzimni eshitmaslikka olaman»;.

Shunday qilib, tagʻin bir necha daqiqadan keyin Nasim polvon qoʻli yo chiqadi, yo sinadi!

Boʻri polvon oʻynab-oʻynab, uzil-kesil hamlaga oʻtdi. Qoʻl uzatib olgʻa talpindi.

Nasim polvon chaqqonlik bilan oʻzini orqaga oldi.

Xuddi shu daqiqada koʻzlar uchrashib qoldi!

Boʻri polvonga oʻsha qop-qora koʻzlar tik-tik boqdi.

Oʻsha ma’nosiz koʻzlar, oʻsha bez koʻzlar Boʻri polvon uchun qanchalik jirkanchli boʻlsa, shunchalik qadrdonda edi!

Qadrdon koʻzlar Boʻri polvon qalbida koʻpirib-toshayotgan qahrni soʻndirib yubordi.

Boʻri polvon beixtiyor boʻshashdi. Qoʻllarini tushirdi.
— Haqini beringlar, u zoʻr ekan! — dedi-da, davradan chiqdi-ketdi.

Davra pichir-pichir qildi.
— Boʻri polvonning bir joyida ogʻriq turdi, — dedi.
— Boʻri polvon qoʻrqdi...— dedi.

"Boʻri oshna, yomon boʻldi, juda yomon boʻldi. Boshingga yomon kunlar soldim. Men buni olishda koʻzlaringdan bildim.

Koʻzlaring toʻla dard boʻldi, koʻzlaring toʻla oʻpka-gina boʻldi.

Oshna, sen meni yuruvsiz qilding! Bunday zoʻr boʻlgandan koʻra oʻlganim yaxshi edi! Odam deb dardingni menga aytding-a! Oshna, senga rahmim keladi...

Momoqiz mengada yoqqani chin. Lekin men baribir Momoqizni deb senchalik qaygʻurmayman, dard chekmayman.

Oshna, menga bir ogʻiz, aqalli bir ogʻiz qattiq gapirmading. Mening kimligimni bilsang-da, yuzimga aytib solmading.

Momoqizgada aytmading!

Oshna, buni birov eshitmasin. Eshitgiligi yoʻq...

Men oʻzim bor gapni Momoqizga aytaman. Mayli, meni la’natlasin, mendan nafratlansin.

Sen qiyomatli oshnam boʻlmaganingda ham senday odam uchun shunday qilardim.

Oshna, Momoqizning oldiga bor. Koʻnglingni toʻq qil: Momoqiz oldida yuzing yorugʻ.

Oshna, meni faqat bir nima qiynaydi: endi, ikkalangning yuzlaringga qanday karayman? Endi, mendan bir umr yuz oʻgirib ketarsizlar?

Yoʻq, oshna, men sendan ayrilib qolgim kelmaydi. Boʻlmasa, nima qilayin? Bilmayman, oshna, bilmayman..."

Boʻri polvon Nasimdan shu gaplarni umid qildi!

«Nasim oʻrnida men boʻlsam, shunday qilardim, — oʻyladi Boʻri polvon. — Kelib, shunday derdim»;.

6

Boʻri polvon intiq boʻlib yashadi. Momoqiz oldiga borishga yuragi betlamadi. Favqulodda Nasim Momoqizga... odam qoʻydi! Non sindirildi! Buni eshitgan Boʻri polvon yarasiga tigʻ tekkan bemorday seskanib, ingrab yubordi!

7

Nasim polvon yashashni bildi.

U Momoqiz bilan boshqa brigadaga oʻtib ketdi.

Olcha gullayotganda toʻylari boʻldi.

Nasim Boʻri polvonlarnida toʻyga aytdi.

Toʻyga Boʻri polvonning onasi bordi.

Boʻri polvon:
— Majlis bor edi...— deya, tuman ketdi.

8

Nasim polvon yangi brigadaga el boʻlmadi.

Brigadir bilan adi-badidan boshi chiqmadi.

Tagʻin boshqa brigadaga oʻtdi. Nimagadir, bunisigada sigʻmadi.

Bugʻdoypoyada oʻqariq qazishdan erta qaytdi.

Belbogʻini ostonada serrayib turmish Momoqiz qoʻliga otib yubordi.
— Bilaman, buning hammasi Boʻrining ishi! — dedi. — Nasim qaerga borsa kun bermanglar, deb aytib qoʻygan! Undan yaxshilik chiqmaydi! Ichi qora uning! Qovogʻidan qor yogʻib yurishiyam aytib turibdi! Rang koʻr, hol soʻr, degan! U bizni qoʻymaydi! Ketamiz, dunyoning kolxozi bitta emas! E, senday joʻramning...

Nasim polvonlar koʻchdi.

Nasimlar koʻchib ketishini eshitmish Boʻri polvon tom ustida olislarga termulib-termulib oʻtirdi. Xoʻrsinib-xoʻrsinib oʻtirdi.

Koʻch-koʻron ortmish ulovlar qishloqdan chiqib, Shoʻrchi yoʻl oldi.

Boʻri polvon koʻngli oʻrtanib-oʻrtanib qoldi, talpinib-talpinib qoldi.

Koʻngil yaqinlari Boʻri polvondan tobora olislab-olislab ketdi...

9

Shundan keyin Nasimlarni qishloqdagi urugʻ-aymoqlari toʻy-ma’rakasida koʻrdi.

Boʻri polvon Nasimdan oʻzini olib qochdi. Nasim bilan yuzma-yuz boʻlmadi.

Momoqizni boʻlsa, koʻrmadi. Ammo... koʻrgisi keldi!

Bir toʻyda oʻzini qorongʻiga oldi.

Olov tevaragida davra boʻlib oʻyin qilmish ayollarga nazar soldi. Diqqat bilan nazar soldi... Momoqizni izladi!

Bildi, shu qator ayollar orasida Momoqiz boʻldi. Bildi, Momoqizda chakagini roʻmol bilan oʻrab, olovga qarab turdi.

Ana, Momoqizda davraga kirdi!

Qulochini omonat ochdi. Roʻmolini yuziga pardalar qilib-qilib oʻynadi.

Oʻzi oʻynab, oʻzi qoʻshiq aytdi:

Yaxshi qizning nozini

Kim koʻtaradi-yo,

Tekkani qobil boʻlsa

Shul koʻtaradi-yo.

Boʻri polvon bir entikdi! Tagʻin bir toʻyda Momoqizni olisdan koʻrdi. Kunduz kuni boʻldi. Momoqiz bagʻriga bola bosib turdi. Bolasi Momoqiz roʻmolini tortqilab-tortqilab turdi...

Boʻri polvon ikki entikdi!

Oh — yurakdan, yosh — koʻzdan boʻldi...

10

Shu-shu, Momoqizni oʻylasa, koʻngli tub-tubida parokandalik kechar boʻldi. Dunyo koʻziga tor koʻrinar boʻldi. Koʻngli oʻksir boʻldi.

Oqibat, Momoqizni oʻylamas boʻldi. Momoqizni eslamas boʻldi.

Momoqiz tilga olinsa, eshitmas boʻldi. Indamay turib ketar boʻldi.

Boshqa nimada qilsin, Momoqiz endi birovlar ayoli boʻldi!

XVIII

Boʻri polvon davradan xursand: janjal-araz yoʻq. Polvonlar seni menga bormay olishayapti. Oʻzini oynaga solmay olishayapti. Oʻzini taroziga solmay olishayapti.

Ana, xoʻjasoatlik Sadir polvon shoʻrchilik Roʻzi polvonni yelkasidan oshirib urdi.

Roʻzi polvon origa Maksim polvon degan chiqdi.

Sadir polvon:
— E, u sport masteri, chiqmayman, — deya turib ketdi. Maksim polvon sambo kurashi boʻyicha sport ustasi ekani chin boʻldi. Bakovul roʻparasida talab qilib oʻtirib-oʻtirib ketdi.

Boʻri polvon xoʻjasoatliklarga ogʻiz soldi: — Chiqinglarda endi! — dedi.

Uyoqdan Amir polvon:
— Polvon bova, Sadirning koʻli lat yebdi! — dedi. Bu shunchaki bahona boʻldi.

Shoʻrchiliklar piching qildi:
— Nimaga bir polvonni yiqita solib qochasizlar!.. Sigʻsa, davraga chiqingizlar-da! — dedi.

Ilkis piching Sadir polvon bahona butun davra egalariga qarata aytildi.

Boʻri polvon «yalt»; etib shoʻrchiliklar toʻdasiga qaradi.

Keyin, Amir polvonga yuzlandi.
— Unday boʻlsa, boshqasini chiqar! — dedi. Amir polvon:
— E, polvon bova, master sportga teng kep boʻladimi? — dedi.

Boʻri polvon mehmonlar oldida izza boʻldi. Xivich uchi bilan chiroqda yiltiramish somonlarni titkiladi.

Shunda, davraga yoshi oʻtib qolmish Normurod polvon chiqib keldi. U duch kelmish odam roʻparasiga choʻkdi. Qoʻllarini ketiga tiradi. Orqasiga chalqayib, oyogʻini uzatdi.
— Mahsini tort, tort mahsini! — dedi.

Torta bermagach, Normurod polvonning oʻzi mahsilarini tortib-tortib sugʻurdi. Paytavalarini chuvalatib-chuvalatib tashladi.

Joyidan sapchib turdi. Oʻz polvonlariga qahr bilan qoʻlini shop qildi.
— Chiqmaysanmi-a, chiqmaysanmi? — dedi. — Elga eshittirib ayt! Chiqmayman, de! Qoʻlingni koʻtarib ayt! Unda, mana men chiqaman!

Normurod polvon bakovul roʻparasiga borib choʻkkaladi. Shoʻrchiliklarga qoʻlini silkib aytdi:
— Qani, master sportingni berman yubor! — dedi. Ammo shoʻrchiliklar Maksim polvonni davraga tushirmadi. Boisi, Normurod polvonning soqoli oppoq edi...

Shoʻrchiliklar toʻpidan ovoz keldi:
— Sizga qoyil boʻldik, Normurod polvon, bizga anavi polvonlaringizni chiqaring!

Normurod polvon davra aylana berdi.
— Bizda polvon yoʻq, boʻlsa chiqardi! — dedi. Boʻri polvon domangir boʻldi:
— Polvon, koʻtarilma, koʻp koʻtarilma! — dedi. Normurod polvon Boʻri polvon qoʻlidan yulqinib chiqdi. Yana davraga aylandi.
— E, master sport tugul, dev boʻlsayam chiqaman! — dedi.

Boʻri polvon Normurod polvon tirsagidan mahkam ushladi, davradan yetaklab chiqdi.

Normurod polvon tagʻin davraga talpindi:
— Normurod polvonning koʻzi ochiq boʻp turib, uning eli yerga qaraydimi? - dedi. — Ushlamang meni, polvon bova, ushlamang! E, yerga kirgizib yuborsayam chiqaman!

Boʻri polvon qalbinida ayni shunday tuygʻular tirnadi. Ammo keksalarga xos vazminlik bilan oʻzini bosib turdi.

Davraga kirib, xoʻjasoatliklarga ovoz berdi:
— Amir, Tilovberdini berman yubor! Tilovberdi, munda ke! — dedi.

Shunda, davraga Boʻri polvonning oʻgʻli Tilovberdi chiqib keldi. Boʻri polvon oʻgʻlini tirsagidan yetaklab, bakovul roʻparasiga oʻtirgʻizdi. Shoʻrchiliklar koʻnishga koʻndi-yu, Maksim polvon rozi boʻlmadi.
— Tilovberdining vazni ogʻir, chiqmayman, — dedi. Boʻri polvonning zardasi qaynadi.
— Nima, endi davragada taroziga tortib chiqaraylikmi? — dedi. — Koʻrib turibsan, boʻyi basti sendan ziyod emas, chiqa ber-da! Chiq-e, ota-bovamiz tarozisiz olishgan!
— E, chiq-e, Maksim-e, yiqilsang yer koʻtaradi-da! — dedi shoʻrchiliklar.

Polvonlar fotiha olib ketdi.

XIX

Boʻri polvon ich-ichidan zil ketdi. Oʻzi bilan oʻzi gapirishdi.

"Biz polvonlik maktabida oʻqimadik. Polvonlik bizga otameros. Pushtdan-pushtga, qondan-qonga oʻtib kelyapti.

Polvonlikning koʻzga koʻrinmas, til bilan tushuntirib boʻlmas shunday sirlari borki, buni faqat tomirida polvonlik qoni borlargina biladi. Biz bilamiz!

Bu sirlar hech bir kitobda yoʻq!

Mana, mening oʻzim. Surxon vohasida mendan yiqilmagan polvonning oʻzi yoʻq! Oʻsha maktab koʻrgan sport masterlariyam yagʻrinimdan oshib ketdi!

Xalq nimasi bilan xalq?

Oʻzining urf-odatlari bilan xalq! Ota-bobosidan qolgan milliy an'analari bilan xalq!

Koʻp urf-odatlarimizni birovlar... birovlar oʻziniki qilib oldi! Biz qoʻlimizni burnimizga tiqib qoldik.

Shunday keta bersak, hademay... oʻzimiznida boy berib qoʻyamiz!

Buyogʻi kamday, ne-ne nimalarimizni eskilik sarqiti deb yoʻq qildik. Xiyol boʻlmasa, xalqning oʻzini-da... eskilik sarqitiga chiqarib yuborayin, dedik! Bugun buni yoʻqota bersak, ertaga uni yoʻqota bersak, adirdagi... podadan nima farqimiz qoladi?..

Biz hademay bu dunyodan ketamiz. Oʻzimiz ketsak-ku, goʻrga-ya. Oʻzimiz bilan... Buni rais biladimi?.."

Boʻri polvon raisga qarab-qarab qoʻydi.

Tagʻin nimalardir... nimalardir yoʻqolib boryapti...

Boʻri polvon oʻyladi-oʻyladi... Oʻylab oʻyiga yetdi...

"Avlodlar almashgan sayin... yo, pirim-e, tuf-tuf-tuf... avlodlar almashgan sayin... yurak yoʻqolib boryapti!

Jasad bor! Aql bor!

Yurak yoʻq!

Toʻrt muchal bor! Kuch-quvvat bor!

Yurak yoʻq!

Koʻkraqda jon bor!

Yurak yoʻq, yurak!..

Farzandlar hayotga beparvo qaraydi. Musibat bilan xursandchilik farqiga bormaydi.

Farzandlar oʻzlari minayotgan mashinaga oʻxshaydi! Odam kim, mashina kim, bilib boʻlmay qolyapti..."

XX

Maksim polvon yengsiz, yoqasiz jelak kiyib chiqdi. Boʻri polvon barmoqlari uchi bilan jelagidan ushladi.
— Eb-ey, eb-ey, Maksim inim, bu qanday libos? Mabodo maykamasmi? — dedi.

Maksim polvon oʻzicha tushuntirgan boʻldi, Boʻri polvonning ensasi qotdi.
— Shu gapingga noma’qulning nonini yebsan! — dedi. — Oʻzingni izzat qilmasang ham davrani izzat qil! Bor, oʻzimizning kiyimdan kiyib chiq.. Buningni na yoqasi bor, na yengi bor, qaeridan ushlab boʻladi? Manavi brenjangni qara... Ishtonbogʻiyam rezinkadandir-da? Tortganda uzilib ketsa nima boʻladi? E, bor, qalinroq ishton kiyib chiq! Popukli ishtonbov boyla, belni ushlaydi!

Maksim polvon oliftachilik qildi.
— Musobaqalarda shunday kiyinib olishadi! — dedi.
— Ay, Maksim-ay, Maksimi tushmagur-ay! — dedi Boʻri polvon. — Koʻp katta yangilik aytding-da! Shu yangiliging uchun suyunchisiga ishtonimni yechib berayinmi?

Davra qiyqirib-qiyqirib kuldi!

Maksim polvonda ogʻzini ushlab-ushlab kuldi.
— Ay, Maksim polvon! — dedi Boʻri polvon. — Sen Boʻri polvon bilan oʻrlashma! Qaytarib aytaman, koʻp oʻrlashma! Oʻsha sambongdada yengli jelak kiyib olishadi! Boʻri polvonni bilmaydi dema! Boʻri polvon...

Boʻri polvon oʻz davrida turli musobaqalarda qatnashdi. Kuboklar oldi...

Kubokni umrida birinchi bor koʻrib, aylantirib qaradi-qaradi...
— Xushroʻy samovar ekan, — dedi oʻzicha. — Yaxshi boʻldi, choy qaynatib ichamiz...

Uyiga kelib, soʻrab-surishtirdi. Biladiganlar:
— Yoʻq, bu samovar emas, bu kubok, Boʻri polvon, kubok! — dedi.
— Ebo-ey, ebo-ey! — dedi Boʻri polvon. — Unda, buni nima qilaman-ay?
— Sandiqqa solib qoʻying.
— Sandiqqa sigʻmaydi-da.
— Unda, shkaf ustiga qoʻying.

Boʻri polvon kubokni shkaf ustiga qoʻydi.

Boʻri polvon kubokni kunda koʻrib turdi. Lekin kubok nomini eslab qololmadi. Bordi-yu, eslasa, kubok nomini yaxshi aytolmadi. Kubok soʻzi tiliga oʻtirmadi.

Shu-shu, kubokni samovar deydigan boʻldi.
— Boʻri polvon katta musobaqalarda olishib, samovar olgan! — dedi Boʻri polvon. — Ikkita, ha, ikkita! Ishonmasang ana, uyga borib koʻr — shkafning ustida turibdi!

Davra gurr-gurr kuldi!

Boʻri polvon oʻzida davraga qoʻshilib kulgisi keldi! Ammo tentakka oʻxshab, oʻzim gapirib, oʻzim kulmayin, dedi-da, miyigʻida kulib qoʻya qoldi.
— Hay, ukkagʻar polvonlar-e, kulasan-a, kulasan! — dedi.

Maksim polvon davraga mos kiyinib keldi. Boʻri polvon razm soldi-razm soldi-da:
— Ha, bali, bu boshqa gap! — dedi.

Keyin, sobit qadamlar bilan davra aylanib jar soldi:
— Xaloyiq, soʻzimni eshiting! Bolalar, koʻp talatoʻp qilma, gapni gapga qoʻsh! Xaloyiq... Ay, Xumor momoning nevarasi, tek oʻtir deyman, boʻlmasa,... kesib olaman! Xaloyiq, manavi tik jelak kiygan xoʻjasoati Tilovberdi polvon! Bunisi shoʻrchilik Maksim polvon! Aytib qoʻyganim yaxshi, Maksim polvon master sport! Samovar ham olganmisiz, polvon? Eshitdingiz-a, xaloyiq? Maksim polvonning samovari yoʻq ekan! Bu ikki polvonga bir goʻsam serka, bir juft uchlamchi kalish, besh soʻm pul qoʻyildi!

Tilovberdi polvon odaty boʻyicha belbogʻini boʻyniga tashlab davra aylandi.

Boʻri polvon oʻgʻlini zimdan kuzatdi. Biron-bir nuqson topolmadi.

Xotiri jam boʻlib, bosh bakovul oldiga oʻtirdi.
— Bir piyola choy bering, — dedi. Oʻgʻliga tikilib qoldi...

1

Sariosiyo bir davra Toʻpolon daryosi yoqasida boʻldi.

Daryo oʻz oti oʻzi bilan shovqin solib oqib turdi. Toʻpolon bilan oqib turdi.

Boʻri polvon oʻshanda umrida birinchi bor fargʻonacha kurash koʻrdi.

Davra egalariniig koʻpchiligi Fargʻona vodiysidan edi-da. Ular Surxon vohasida kolxoz tuzish uchun Yoʻldosh Oxunboboev tashabbusi bilan koʻchib kelib edi-da.

Vodiyliklar olishni kurash, dedi.

Vodiyliklarda oʻz kurashlarini namoyish qildi: ikki polvon bir-birlari belidan qoʻllarini oʻtkazib ushlab, suyashib yura berdi..

Bu orada voha polvonlaridan birovi oyogʻi osmondan kelib yerga tushdi. Birovi raqibini yelkadan oshirib otdi.

Davra gursillab turdi, davra hayqirib turdi!

Boʻri polvon vodiyliklarga qaradi.

Vodiyliklar hamon suyashib yurdi!

Boʻri polvon hafsalasi pir boʻldi.

Vodiyliklarga e’tibor bermay qoʻydi.

2

"Oʻzi ular muloyim xalq-da, — dedi Boʻri polvon oʻzicha. — Juda muloyim. Olishlariyam oʻz tabiatidan kep chiqadi. Mana, biz oʻlguday qoʻpol elmiz. Olishimizdagi mardonalik-da, botirlikda shundan. Hay, mayli. Xalq turli-tuman boʻlsa yaxshi. Bu — ulkanlik, ulugʻlik alomati boʻladi. Mana, fargʻonacha kurash. Buyam oʻzimizniki! Demak, ikkita kurashimiz bor ekan! Qanday yaxshi! Boylik, boylik!

Ammo-lekin ukkagʻar vodiyliklar koʻp ashulachi xalq boʻladi-da! Xudo ashulani vodiyliklar uchun yaratgan-da! Haligi... bittasi bor edi-ku, oti nima edi..."

Boʻri polvon oʻyladi-oʻyladi, topolmadi. Raisga oʻgirildi.
— Qaysi bir yili Stalin kolxozidan bir bola ashula aytib chiqib edi, oti nima edi? — dedi.
— Qaysi? — dedi rais.
— Haligi...bir dehqon bola bor edi-ku, asli qoʻqoni? Qaysi bir yili rahmatlik Ma’murjon Uzoqov kep, Toshkentga ergashtirib ketdi-ku?
— Ha-a, Hasan Sultonov deng. Ashula aytib yuribdi, nima edi?
— «Figʻonkim, gardishi davron...»; Vo ukkagʻar, ana ashula! Odamning koʻnglini buzib yuboradi-ya!
— Ha, polvon bova-e, Hasan Sultonov polvon boʻlganda otini esdan chiqarmasdingiz-a...

Boʻri polvon miyigʻida kuldi.

3

Darhaqiqat, Boʻri polvon umrida juda koʻp odam koʻrdi. Muloqotda boʻldi.

Ammo juda oz odam otini bildi. Faqat polvonlar otini toʻliq ayta oldi.

Boisi, Boʻri polvon davraga chiqib kurashmagan erkakni... erkak demadi!

Biror odam haqida gap boʻlsa, Boʻri polvon:
— Polvonmi-yoʻqmi? — deya soʻradi. Yoʻq, javobini eshitsa, qoʻl siltadi.
— Erkakning sultoni olishadi, ha! — dedi. — Ana, Xidir polvon, kezi kelganda davrani gursillatib olishib keta beradi. Men raisman, deb oʻtirmaydi. Boʻlmasa kimsan — Botirov-a! Arbob, ha, arbob! Ana uni chin erkak desa boʻladi! Chunki ota-bovasining hunarini yerda qoldirmayapti!

Bordi-yu, odamlar e’tiroz bildirsa, Boʻri polvon gapni choʻrt kesdi:
— Nima desang, de, men oʻyinni bilmagan ayolni — ayol demayman, davrada olishmagan erkakni — erkak demayman!

Boʻri polvon beshikdagi chaqaloqdan tortib, nuroniy cholgacha barcha-barchasi ismiga polvon soʻzini qoʻshib aytdi. Davrada kurashganmi-yoʻqmi, baribir — ayta berdi.

Aytganda-da, ogʻzini toʻldirib aytdi, gʻurur bilan aytdi!

Hamsoyalarinikiga olisdan mehmon keldi.

Hamsoyalar Boʻri polvonnida chaqirdi.

Boʻri polvon mehmon bilan bir qoʻllab koʻrishdi. Irimiga hol-ahvol soʻradi.

Begonasirab oʻtirdi.

Shunda mehmon kurashdan gap ochdi.

Ana shunda Boʻri polvon yayrab ketdi!
— E, bali! Oʻzimizning odam ekansiz-ku! — dedi. Mehmon oldiga siljibroq oʻtirdi. Qayta boshdan qoʻshqoʻllab-qoʻshqoʻllab koʻrishdi.

Quyuq-quyuq soʻrashdi.

Boʻlib oʻtmish davralardan gapirdi. Qanday qilib samovar olganlaridan gapirdi.
— Oʻynab borib, ukkagʻarning polvonini mana bunday ushladim...— dedi. — Qarang-qarang, qoʻlimga e’tibor bering, qoʻlimga!..
— Bizdada olishib edik...— dedi mehmon. Boʻri polvon gapni ilib ketdi.
— Samovarda olganmisiz? — dedi.
— Ha-da!..

Boʻri polvon mehmon boʻlmish tizzasiga tapillatib bir urdi.
— E, bormisiz! — dedi. — Otangizga rahmat! Polvonning xoʻrozi samovar oladi, ha!

4

Sariosiyodagi oʻsha davrada Boʻri polvonga teng topilishi qiyin boʻldi.

Davra egalari talvasada qoldi.

Bordi-yu, Boʻri polvonga talabgor boʻlmasa, sariosiyoliklar denovliklardan qoyil boʻldi, boʻladi.

Oʻz uyida qoyil boʻlish, magʻlub boʻlishdanda yomon boʻladi!

Shunda, davraga yoshgina bir yigit chiqib keldi. Boʻri polvonga talabgor boʻldi. Davra egalari shundagina yengil nafas oldi.

Boʻri polvon yosh polvonga mensimay-mensimay qaradi.

«Laylakning yurishini qilaman deb, chumchuqning puti yirtilgan ekan! — deya oʻyladi Boʻri polvon. — Bu yosh bola-ku! Oʻylab ish qilyaptimi? Yo, kayfi bormi?»;

Bir yosh bola Boʻri polvon shon-shavkatini nazarga ilmay qurga yugurib chiqishi, Boʻri polvon izzat-nafsiga tegdi.

Boʻri polvon dargʻazab boʻlib davraga kirdi.

Bosh bakovul oldiga gʻoz yurish qilib bordi. Davra odati boʻyicha talabgor yosh polvon qabatiga borib oʻtirishi lozim boʻldi.

Ammo Boʻri polvon davra qoq oʻrtasiga borib choʻk tushdi. Boʻri polvon bu bilan oʻzini anavi yosh bola yonida yonma-yon oʻtirishga or qilishini bildirdi.

Anavi yosh bolaga, koʻrpangga qarab oyoq uzatsang-chi, degan qarash qildi.

Boʻri polvon bilan Ismoil otli bu yosh polvonga bir gʻunajin, yana bir qancha mayda zotlar qoʻyildi.

Boʻri polvon Ismoilni koʻzga ilmay-koʻzga ilmay davra aylandi.

«Tayyor osh-ku»;... — deya oʻzidan ketdi.

Oqibat... Boʻri polvon... Polvon nomini olgandan buyon umrida birinchi marta yelkasi yer koʻrdi!

Qanday yiqildi — oʻzida bilmadi!

Koʻzlarini ochsa... osmon toʻla yulduz boʻldi!..

Ohista-ohista joyidan turdi. Bosh egib-bosh egib davradan chiqdi.

Hamrohlari hamdard boʻlish uchun qoʻltigʻidan ushladi.

Boʻri polvon hamrohlari qoʻlini zarda bilan siltab-siltab tashladi.

Choponiga choʻnqayib oʻtirdi. Tizzalarini quchoqladi. Peshonasini bilaklari ustiga qoʻydi... Hoʻng-hoʻng yigʻlab qoʻya berdi! Hamrohlariga javdirab-javdirab qaradi.
— Chiniminan yiqildimmi-a, chiniminanmi-a?.. — dedi.

Sel-sebor yigʻlab qoʻya berdi...

5

Boʻri polvon yelkasi yerga tekkani elga yoyildi. Boʻri polvon nomi bilan gʻururlanib yurmishlar ichi achiy-achiy bosh chayqadi.
— Yomon boʻpti-da...— dedi.

Davralarda Boʻri polvon dastidan roʻshnolik koʻrolmay yurmishlar xushvaqt-xushvaqt bosh irgʻadi.
— Boʻri polvonda tamom boʻpti...— dedi.

Boʻri polvon el orasida bosh koʻtarolmay qoldi. Uyidan koʻchaga chiqmay qoldi.

Keyin, oʻsha yosh polvonni ta’qib etib boshladi. Qaerda toʻy boʻlsa, poylab bordi.

Ammo yosh polvon Boʻri polvon nomini eshitiboq, rad qila berdi.

Ismoil otli bu yosh polvon dovrugʻi butun vohaga yoyildi.

Kimsan — Boʻri polvon yelkasini yerga tekkizgan Ismoil polvon!

Ismoil polvon bu nomni umrbod saqlab qolmoqchi boʻldi. Shu bois, Boʻri polvon davraga kelibdi, desa boʻldi, indamay ketib qola berdi.

6

Shoʻrchidada shunday boʻldi.

Boʻri polvon boshliq xoʻjasoatlik polvonlar Shermat mergan degannikiga qoʻndi.

Toʻyxonadan mehmonlar ulushi keldi. Dasturxon toʻkin boʻldi.

Uy xoʻjasi oʻzining merganlik sarguzashtlaridan gurung berdi. Shoʻrchilik polvonlarga ta’rif berdi. Abil polvonni ulugʻladi.
— Nasim polvonning boʻyniga chipqon chiqqan, bu davrada olishmasa kerag-ov, — dedi.

Uy xoʻjasi birdan sergak tortdi.
— Aytganday, — dedi. — Nasim polvon asli xoʻjasoatlik-a? Chaqirib kelayinmi? Gurunglashib oʻtiramiz?

Boʻri polvon bezovta boʻldi. Bir qimirlab oldi.
— Yoʻq, mergan, ovora boʻlmang, oʻtiring, — dedi.
— Ha, mayli, ixtiyorlaringiz. Lekin koʻngillaringizga olmangizlar-u... ayta bersam maylimi? Shu, Nasim qurgʻur hech koʻnglimga oʻtirmaydi-da. Oʻta shum! Koʻzingizni loʻq qilib, firib beradi! Bilmayman, oʻzidan boshqani nodon deb oʻylaydimi. Shuning uchun u bilan osh-qatiq boʻlgim kelmaydi. Oʻzi, u kimlardan? E, ha, boʻldi-boʻldi, gap tamom. Mergan joʻra, deyishidan bilib edim-a... Asli qonida bor ekan-da...
— Oʻzi yaxshi odam...— dedi Boʻri polvon.

Nasim polvon boʻyniga chipqon chiqqani chin boʻldi. Ushbu davrada olishmadi.

Boʻri polvonga shoʻrchilik Abil polvon chiqdi.

Boʻri polvon Abil polvonni yaxshi biladi. Abilning choʻnqayma usuli bor.

Keyin... jini bor! Davraga kirsa, tutib qoladi...

Shu bois, el Abil polvonni Abil tentak, deydi.

Boʻri polvon davra aylanayotib, Nasim polvon Abil tentakni gij-gijlayotganini eshitdi.
— Dadil bora ber, yuragi yoʻq, — dedi Nasim polvon. — Qaysi bir yili menga oʻzi talab qilib, qoʻrqqanidan qoyil boʻlib edi...

Abil tentak goʻyo davra torlik qilayotganday hurpayib-hurpayib yurdi.

Bosh bakovul oldidagi satildan hovuchlab-hovuchlab suv oldi. Bilaklarini suvladi. Ogʻziga suv toʻldirdi. Yulduzlarga qarab, gʻargʻara qildi.

Qoʻllarini oʻynatib, joyida bir-ikki irgʻishladi. Boshini sarak-sarak qilib ayqirdi:
— Buvvv! Buvvv! Ha, kishta! — dedi.

Abil tentak Boʻri polvon avzoyida tariqday boʻlsa-da, hayiqish koʻrsa boʻldi, darhol hamlaga oʻtadi.

Ammo hayiqish koʻrmadi.

Boʻri polvon dagʻdagʻalardan hayiqish tugul, mijja qoqmadi. Aksincha, oʻynab kela berdi.

Abil tentak lalmi-lalmi dagʻdagʻalari oʻtmaganini bildi. Dirkillab-dirkillab oʻynab, yana davra aylandi.

Abil tentakni endi koʻrayotganlar hayratdan koʻzlari olaydi. Birov bosh chayqadi. Birov labini burdi.
— Yo pirim-e, urib ketgan tentak, — deya kuldi.
— Jayraxonadan[7] qochgan, — deya kuldi.

Ikki zoʻr toʻqnashsa, chaqmoq chiqadi...

Boʻri polvon oʻng qoʻli bilan Abil tentak yoqasidan ushladi. Chap qoʻli bilan esa bilagidan siqib ushladi. Shiddat bilan ichidan chil berdi.

Abil tentak choʻnqaymaga oldi: gʻoyat tezlikda oʻng qoʻli bilan Boʻri polvon yoqasini gʻijimlab, halqumiga tiqib bordi. Chap qoʻli bilan esa Boʻri polvon yagʻrini usti jelagidan buklab ushladi. Oʻzi orqaga xiyol chalqaydi. Boʻri polvonni dast koʻtardi-da, zarb bilan orqaga otib yubordi.
— A-a-a-a! — deya ayqirdi.

Boʻri polvon yerga yonboshi bilan gursillab tushdi. Abil tentakda shunday yiqildi.
— Bekor, yonbosh yiqildi! — dedi davra.
— Bir bahya yetmadi!

Choʻnqayma gʻoyat nozik san'at: bordi-yu, polvon choʻnqayma qilishni eplay olmasa, oʻzi magʻlub boʻladi.

Choʻnqayma gʻoyat qaltis san'at: bordi-yu, choʻnqaymaga olinmish polvon chili chiqib ketsa, yerga... harommagʻizi bilan borib tushadi.

Choʻnqaymaning qaltis taraflari tagʻin koʻp...

7

Xoʻsh, Boʻri polvon nega harommagʻizi bilan emas, yon-boshi bilan tushdi?

Boisi, choʻnqaymaga olmish Abil tentak katta xatolikka yoʻl qoʻydi.

Abil tentak yerga ogʻayotib-erga ogʻayotib, oʻz gavdasini oʻzi oʻnglab olishi, yoʻl-yoʻlakay Boʻri polvon ustiga oʻzini tashlashi lozim edi.

Abil tentak shoshdimi yo dovdirab qoldimi, ishqilib, buning uddasidan chiqolmadi...

Xatosi evaziga Boʻri polvon ostida qolayin-qolayin dedi.

Buni oʻzida bildi shekilli, yerdan tura-tura, shukrona-shukrona bosh chayqadi.

8

Davra polvonlarga haybarakallachilik qildi:
— Chaqqon-chaqqon olishinglar!
— Oʻ, Boʻri polvon, belbogʻingni yaxshilab boyla, boʻshab ketyapti!
— Abil tentak, ehtiyot boʻl-ov!

Endigi olishuv avvalgisidanda shitobli boʻldi.

Boʻri polvon Abil tentakka imkoniyati boricha xolisroqdan chil berdi. Qoʻllarini choʻzib ushlab, Abil tentakni oʻzidan xolis tutdi.

Abil tentak tagʻin choʻnqaymaga olish uchun chogʻlandi: goʻyo anoyilik qilib, chap oyogʻini Boʻri polvonga yaqin tutdi. Ichidan chil berishga imkon yaratdi.

Boʻri polvon Abil tentak makriga uchmadi. Qarmoqdan oʻzini olib qochdi.

Kurash lanj boʻldi.

Polvonlar bir-birini ta’qib etib yura berdi.

Polvonlar birovi boʻshroq boʻlsa-ku yaxshi, yiqilmaganiga shukur qilib yura beradi. Bordi-yu, ikkovida gʻoliblikka bab-barobar da’vogar boʻlsa-chi? Unda... asablar olishadi!

Boʻri polvon-da, Abil tentakda asabiylasha boshladi. Asabiy chil berishib, bir-birini maqsadsiz silkilay berdi.

Xoʻp olishdilar!

Boʻri polvon qoʻllarini yonlariga keng yoydi: men olishayotganim yoʻq, ishorasini bildirdi.

Bu holatda polvonga hamla qilish qat'iyan man etiladi!

Abil tentak boʻlsa, Boʻri polvonni ikki oyogʻiga qoʻshib tepib, yerga urdi!

Abil tentak yiqitdim, deya oʻynab-oʻynab, bakovul qoshiga borib oʻtirdi.

Boʻri polvon oʻzidan besh-olti odim olisga borib tushmish doʻppisini oldi. Kaftlariga tars-tars urib qoqdi. Asabiy-asabiy qoqdi.

Xoʻjasoatliklar baqira ketdi:
— Boʻri polvon qoʻlini qoʻyib yuborib edi, bekor!
— Abil tentakning esi joyidami oʻzi?
— Bakovulning oldiga borib oʻtirishini qarang!
— Yuz boʻlmagandan keyin shu-da! Shoʻrchiliklarda xoʻjasoatliklardan qolishmadi.

Nasim polvon boshini chipqon chiqqan yogʻiga qiyshaytirib oʻrnidan turdi. Bakovulga qoʻlini shop qilib shangʻilladi:
— Qoʻlini qoʻyib yubormasdan oldin yiqitdi! Abil tentakka haqi berilsin! Uh-uh, voy boʻynim-e...

Boʻri polvon Nasimga oʻqrayib-oʻqrayib yerga tupurdi.

Bakovul janjalni hal etish uchun oʻng koʻlini koʻtardi.
— Birodarlar, jim! — dedi. — Yaxshisi, ana, davrada betaraf mehmonlar oʻtiribdi. Shulardan soʻraymiz. Ma’qulmi? Sariosiyoliklar, qani, siz xolisanlillo gapiring!

Sariosiyoliklar toʻpidan ovozlar keldi:
— Gʻirrom-e, gʻirrom! Boʻri polvon qoʻlini qoʻyib yuborib edi!
— Abil tentak nomardlik qildi!
— Yana-tagʻin Nasim polvonning jirillashi kimning gazagiga dori deng!
— U-ku bir qasami, xudodan noʻxtasini yulgan... Nasim polvon muztar boʻlib qoldi.

9

Boʻri polvon davrani polvona-polvona aylandi!

Boʻri polvon qizidi! Tentakka yomon-yomon qaradi!

Boʻri polvon Abil tentak yoqasidan ushlab, oʻziga tortdi. Oyogʻi uchini tentak chap toʻpigʻiga ildirib tortib koʻtardi.

Abil tentak ogʻirligini oyogʻi koʻtarilayotgan tarafga tashladi. Koʻtarilayotgan oyogʻini bor kuchi bilan ketiga tortdi.

Aynan shuni anggʻib turmish Boʻri polvon tentak oyogʻini birdan qoʻyib yubordi. Tentakning birdan qoʻyib yuborilgan oyogʻi keyinga silkindi.

Boʻri polvon tovoni bilan tentakning keyinga silkinmish oyogʻi ichidan tepib yubordi.

Abil tentak bir aylanib tushdi!

Boʻri polvon Abil tentak koʻksiga tizzasini tiradi.
— Yiqitish mana bunday boʻladi, polvon! - dedi. Bu, polvon zoti uchun eng ogʻir xoʻrlik boʻldi!

10

Boʻri polvon Ismoilni tinmay ta’qib eta berdi.

Boʻri polvon davralarga oʻziga xos dabdaba bilan bordi.

Yana-tagʻin, elburutdan bordi.

Oqibat, Ismoil Boʻri polvonni koʻrdi. Davraga chiqmadi.

Boʻri polvon oʻylab qaradi: bundayin dabdabali yurishlari bilan oʻz niyatiga yetishi amrimahol boʻldi.

U endi mugʻambirlik yoʻliga oʻtdi.

Termizda boʻlmish bir toʻyga juda kech bordi. Mashina kabinasida davraga qarab oʻtirdi.

Davra oxirida bakovullar boshqa katta polvon yoʻq, deyishib, kimsan, Boʻri polvonday polvon yelkasini yerga tekkizgan Ismoil polvonga jar soldi.

Ismoil polvon davrani bir aylanib, oʻzini koʻrsatdi. Xuddi shu vaziyatni ikki oydan buyon anggʻib yurmish Boʻri polvon kabinadan sakrab tushib, davraga kirdi.

Boʻri polvon xuddi osmondan tushganday favqulodda paydo boʻlishi, barcha-barchani hayron qoldirdi.

Oʻzaro shivir-shivir boʻlib, davra gap nimada ekanini bildi.

Ismoil polvon arosatda qoldi.

Chiqayin desa — Boʻri polvon, chiqmayin desa — bakovul jar solib boʻldi.

Ismoil polvon chiqishga majbur boʻldi.

Boʻri polvon vajohati barcha-barchani seskantirib yubordi.

Boʻri polvon gʻalabaga tashna boʻldi!

Gʻalaba qozonish esa hamisha qiyin! Ayniqsa bugun!

Negaki, Boʻri polvon faqat zafar qozonish uchun olishadi!

Faqat, faqat gʻalaba uchun kurashilsa, gʻalabaga yetish juda-juda mushkul boʻladi! Ba’zan, yetib boʻlmaydi!

Yoʻq, polvon zafarni emas, zafar polvonni qidirsin! Zafar polvonni topsin!

Polvon xohish-iroda bilan olishsa, oʻzining nimalarga qodirligini namoyish etsa, san'atini namoyish etsa, zafar oʻz-oʻzidan keladi!

Polvon oʻz kurashidan oʻzi zavqlansa, zafar oʻz-oʻzidan yor boʻladi!

11

Olis olishdilar.

Boʻri polvon-da, Ismoil polvonda qoʻyib yubordi.

Boʻri polvon damini olish uchun davradan chiqdi.

Hamrohlari uyushib qolmish bilaklarini uqaladi.

Boʻri polvon magʻlub boʻlishini tasodif deb yurib edi. Oʻzini yuqori olib, Ismoil polvonni pisand qilmaganligida, deb yurib edi.

Yoʻq, Ismoil polvon haqiqatan ham zoʻr ekan!

Boʻri polvon oʻzidan boʻlak zoʻr boʻlishini xayoliga-da keltirmadi! Zoʻr faqat bitta — u, men, oʻzimman, deb yurdi!

Oʻgʻil bola gap... oʻzidan boʻlak zoʻr chiqishini xohlamadi!

Yoʻq, Boʻri polvon xohlaganday boʻlmadi!

Vaqt, vaqt!

Shafqatsiz vaqt har davrning oʻz zoʻrlarini yaratadi! Inson buni xohlaydimi-yoʻqmi, vaqt uchun baribir — yarata beradi!

Ana, vaqt oʻzining kenja zoʻrini yaratdi! Ana, kenja zoʻr, ana!

Kenja zoʻr davrada oʻz mavqeini talab qilyapti, kenja zoʻr davrada oʻz shon-shuhratini talab qilyapti!

12

Boʻri polvon oʻpkasini bosolmadi. Ogʻzi kappa-kappa ochildi. Hansirab-hansirab nafas oldi.

Oʻz ajdodlaridan madad soʻradi. Otasining piriga sigʻindi...

"Otaginam, men hamisha sizning nasihatlaringizga amal qilib keldim. Siz aytar edingiz: polvon oʻzini uch balodan asrasin, eng birinchisi — ayolbozlik, derdingiz.

Otaginam, yoshim oʻttizga yetibdiki, oyogʻimni qiyshiq bosmadim. Harom-harish yoʻllarga yurmadim. Hali uylanmadim ham!

Ikkinchisi — ichkilikbozlik, derdingiz.

Otaginam, men haligacha ogʻzimga aroq olmadim, arokdan hazar qilaman!

Uchinchisi — polvon oʻzini nafs balosidan asrasin, deguvchi edingiz.

Otaginam, men, mol-dunyo uchun olishmadim. Mol-dunyo hirsidan oʻzimni hamisha saqlab keldim.

Boʻlmasa, nimaga bunday boʻlyapti, otaginam? Gunohimni ayting, gunohimni?

Men Ismoil polvondan orimni olmoqchi edim. Boʻlmayapti, otaginam, boʻlmayapti...

Ushlagan barmoqlarim boʻshashib ketyapti. Oyogʻimda darmon yoʻq. Oʻpkam ogʻzimga tiqilib qolyapti...

Bu qanday koʻrgilik boʻldi, otaginam? Yo... qaridim-mi-a?..

Uh, qismat, qismat, zulming qursin, qismat!..

Otaginam, men endi davralarni magʻlub boʻlib tark etamanmi-a? Kelib-kelib, Ismoil degan bir yapaloq boladan-a?

Yoʻq, otaginam, yoʻq, men davralarda hamisha zoʻr edim — davralarni zoʻrlarcha tark etaman!

Otaginam, oxirgi davramda meni bir qoʻllang! Soʻnggi, soʻnggi bor qoʻllang, otaginam!.."

13

Boʻri polvon davraga kirdi.

Ismoil polvonda sakrab davraga tushdi.

Ismoil polvon yurish-turishi, avzoyidan osonlikcha jon beradiganga oʻxshamadi!

Boʻri polvon Ismoilga yeguday-eguday xoʻmrayib qaradi.

Ismoil polvon kurashni iloji boricha choʻzish payida boʻldi.

Shunda, Boʻri polvon nafasi qaytadi. Boʻri polvon holdan toyadi. Yosh — yoshligini, qari — qariligini qiladi...

Boʻri polvon Ismoil polvon niyatini payqab qoldi.

Ijirgʻanib-ijirgʻanib, bir-ikki telba-teskari chillar berdi. Kam kuch sarflab, koʻp tahdid qilish yoʻliga oʻtdi.

Boʻri polvon nimaiki qilmoqchi boʻlsa, Ismoil polvon xuddi bilib turganday, niyatlarini chippakka chiqara berdi.

Boʻri polvon ana shunda koʻzga yaqin, yagona zoʻrga juda-juda qiyin ekanligini bildi.

Boisi, hamma havas bilan qaraydi. Zoʻrning san'atini, oʻngi, chapini miridan-sirigacha sinchiklab oʻrganadi. Zoʻrga taqlid qilib, oʻshanday zoʻr boʻlgilari keladi!

Zoʻr-chi? Zoʻr oʻzgalarni bilmaydi. Ayniqsa, oʻzidan kuchsizlarni bilmaydi!

Bilgisida kelmaydi! Boisi, koʻzga ilmaydi!

Zoʻrning tagʻin bir fojiasi — zoʻr magʻlubiyat alamini kam totadi.

Zafar ketidan zafar... Zoʻr — zafar ogʻushida yashaydi!

Yoʻq, zoʻr magʻlubiyatlar alaminida totib turishi lozim!

Ana shunda oʻzi haqida oʻylab koʻradi! Ana shunda sergaklik bilan yashaydi!

Zoʻr uchun magʻlubiyat zafar qatori bab-baravar zarur!

Ayniqsa, oʻziga ishongan zoʻrga! Magʻrur zoʻrga! Boʻri polvon ana shunday zoʻr boʻldi!

14

Boʻri polvon bunday olishuvi foydasizligini bildi. Shunday olisha bersa, Ismoil polvon qoʻymish qopqonga tushishini bildi.

Boʻri polvon olish davomida Ismoil polvon chap tarafi bilan deyarli olisha olmasligini sezib qoldi.

Shu bois, endi Ismoil polvon uchun begona boʻlmish kurash boshladi: Ismoil polvon chap tarafidan borib olishdi.

Chindan-da, Ismoil polvon boshi berk koʻchaga tushib qolmish odamdayin dovdirab qoldi. Nima qilishini bilmayin esankirab qoldi.

Shunday boʻlsa-da, Boʻri polvon oʻngidan — yagʻringa olishidan ehtiyot boʻldi!

Boʻri polvon bildi: yagʻrindan umid yoʻq.

U endi Ismoil polvon uchun favqulodda bir hunarini qoʻllamoqchi boʻldi.

Ha, har bir polvonda zoʻr hunaridan boʻlak tagʻin bir yaxshi hunari boʻladi. Polvon bu hunarini oʻzining zoʻr hunarichalik zoʻr bajara olmasa-da, har holda yaxshi biladi.

Boʻri polvonning bu hunari — bir oyogʻini toʻgʻonoq qilib toʻshab, gʻanimini orqaga sermab yuborish boʻldi.

Bu, gʻoyatda qaltis hunar boʻldi.

Boisi, bir oyogʻini yoniga toʻshaganda bor ogʻirligi gʻanimiga yaqinroq boʻlmish oyogʻiga tushadi. Gʻanimi aynan ana shu oyogʻiga qoqib yuborsa... Boʻri polvon soʻzsiz yulduz sanaydi!

Mayli! Yo, jon chiqsin, yo, nom chiqsin!

Boʻri polvon davra aylandi-aylandi, niyatini qanday qilib amalga oshirish yoʻlini oʻyladi.

Ushlashib, Ismoil polvonning goh oʻng, goh chap soniga oshirib-oshirib tepdi. Ismoilni zabt bilan yelkaga olmoqchi boʻldi.

Shunda, Boʻri polvonni xudo bir asradi!

Ismoil polvon ayni shu vaziyatni anggʻib turmishday, Boʻri polvonni zabt bilan ketiga qayirib otib yubordi.

Boʻri polvon yerga koʻkraklari bilan borib tushdi.

Boʻri polvon zoʻr, Ismoil polvon undanda zoʻr boʻldi!

15

«Xoʻsh, kuchi-ku, kamayib qolibdi, — umid bilan oʻyladi Boʻri polvon. — Nahotki, quruq kuchiga ishonayotgan shu yosh bolaning biror korini qilib boʻlmasa?»;

Xayoliga oʻziga ma’qul bir fikr keldi...

Qoʻllarini sermab, Ismoil polvonga qarab yurdi.

Ismoil ketiga tislandi. Oʻzini goh chapga olib qochdi, goh oʻngga olib qochdi. Boʻri polvon moʻljaliga bormadi.

«Faqat qoʻyib yubor deguncha qiladigai ishni qilish kerak, — oʻyladi Boʻri polvon, — boʻlmasa gʻirrom boʻladi»;.

Boʻri polvon Ismoilga qaradi.

Ismoil polvon yelkasidan nafas ola-ola davra aylandi. Demak, Ismoil polvonda charchadi!

Ana, Ismoil polvon mash'ala yaqiniga borib qoldi.

Boʻri polvon boʻlsa, davra bu chetida boryapti. U oʻzicha moʻljal qildi: «Hozir olishmoqchi boʻlib oʻgiriladi. Ismoilda olishmoqchi boʻlib oʻgiriladi. Ismoilda olishmoqchi boʻlib tayyorlana-tayyorlana olov oldiga kelib qoladi»;.

Boʻri polvon oʻrtaga qarab yurdi.

Ismoil polvon bir-ikki qadam tashlab, olov oldida toʻxtadi. Yoniga oʻgirildi. Oʻrtaga — Boʻri polvonga qarab yurdi.

Ismoil polvon yelkalari uzra mash'ala lovullab-lovullab turdi. Mash'alaga teskariligi sababli yuzlari qorayib-qorayib turdi.

Polvonlar bir-biriga quloch otib kela berdi!

Boʻri polvon Ismoil polvon yoqasidan ushlab, ichidan chil berdi. Jon-jahdi bilan ketiga burdi. Shunday shiddat bilan surdiki, Ismoil polvon oʻzini oʻngga-da, chapgada ololmadi. Tikka mash'ala ustiga seltanglab-seltanglab bordi.
— E-e-e, olov, olo-v! Olov bor! — dedi ovozlar. Ismoil polvon olov taftini oldi. Taqqa toʻxtadi.

Ketiga chalqaydi. Olovga yiqilmaslik uchun gavdasini oldinga tashladi.

Ya’ni... ya’ni, gavdasini Boʻri polvonga berib qoʻydi!

Boʻri polvon gʻoyatda tezlik bilan chilini chiqarib oldi. Chap oyogʻini yoniga toʻshadi. Ismoil polvonni davra oʻrtasiga sermab yubordi.
— Yo, otam!..— deya ayqirdi.

Ismoil Boʻri polvon toʻgʻonoq oyogʻi ustidan oshib, davra oʻrtasiga chalqancha tushdi!

Ismoil polvon yulduz sanadi!..

Hay-hay-hay! Yoshlik — yoshligini, koʻpni koʻrganlik — koʻpni koʻrganligini qildi! Tajriba! Tajriba zafar qozondi!

Boʻri polvon qoʻllarini koʻtarib, davrani aylanib chopdi. Oyoqlarini osmon qilib dorboz boʻldi. Dorboz boʻlib-dorboz boʻlib davra aylandi.

Davradan chopib chiqib, hamrohlarini bitta-bittalab bagʻriga bosdi. Hamrohlarini quchoqlab-quchoqlab oʻpdi.
— Koʻrdingmi meni? Koʻrib qoʻy!..— dedi. Kulayotgan yonoqlaridan munchoq-munchoq yoshlar oqdi.

16

Ertasi uyida hoʻkiz soʻydi.

Gapga yetar odamlarni chaqirdi. Xesh-taborlarni, hamsoyalarni chaqirdi.

Davrani tark etajagini aytdi. Uylanajagini aytdi.
— Hali-hozir uylanmay turing endi, Boʻri polvon, — dedi gapga yetarlar. — Har yurtning oʻz koʻzga surtar polvoni boʻladi. Bizning koʻzga surtar polvonimiz sizsiz...
— Yoʻq, boʻldi! — choʻrt kesdi Boʻri polvon.

Gapga yetarlar nasihat qildi. Nasihatlar zoe ketdi.

Boʻri polvon oʻz bilganidan qolmadi.

Brigadasida Suluv degich qiz boʻldi.

Boʻri polvon ana shu qizni koʻz ostiga oldi.

Suluv Boʻri polvon koʻngliga oʻtirib qoldi.

Koʻngliga oʻtirgani — Suluv erkak zoti koʻziga tik qaramadi.

Suluv oʻz oti oʻzi bilan suluv boʻldi.

Suluv yuzlar aql ibosi bilan shoista boʻldi.

Oʻroq oʻrishda, uzum uzishda Suluvdan oʻtadigani boʻlmadi.

Boʻri polvon Suluvni begona qilmadi.

17

Raisning suyugʻoyoqligi elga joriya boʻldi.

Kolxoz mirobi suv yoqalab toqqa chiqib ketdi. Quloqlarda haftalab och-nahor yotdi. Qishloq suvsiz qolmasin, dedi.

Bir tun yarimdan oqqanda mirob koʻngliga gʻulgʻula tushdi. Koʻngli bezovta boʻldi, koʻngli hadik oldi!

Otlanib, uyiga yoʻl oldi.

Kelsa, darvoza ichidan qulf boʻldi.

Mirob devordan oshib oʻtdi.

Uy eshigini tortib-tortib ovoz berdi. Javob boʻlmadi. Achchiq bilan tortib edi, eshik zulfini uzilib ochildi.

Ostonadan endi hatlab edi, boʻgʻzidan zanjirday bir nima qisib oldi.

Mirob jon talvasada qoʻlidagi qamchi dastasi bilan soldi. Dasta bir nimaga «tars»; etib tegdi. Boʻgʻzidagi zanjir uzildi.

Mirob qoʻrquv ham vahima bilan shoshib borib chiroqni yoqdi.

Ostonada qip-yalangʻoch bir odam sulayib yotdi. Manglayidan qon oqib-oqib turdi..

Bu odam... kolxoz raisi boʻldi!

Mirob koʻrpa chetini koʻtarib qaradi.

Koʻrpa ostida yalangʻoch ayoli gʻujanak boʻlib yotdi!

Mirob ayolini tepib-tepib, chalajon qilib tashladi.

Ayolini naqd uch taloq qoʻydi!

Tanacha koʻzini suzmasa, buqacha ipini uzmaydi!

Keyin, raisni tashqari sudradi. Oyoq-qoʻlini tanasiga tortib-tortib boyladi.

Otda Boʻri polvonni chaqirib bordi. Uyqudan uygʻotib, shunday-shunday, dedi.
— Men bir brigadir boʻlsam, menga nima deysan? — dedi Boʻri polvon.

Mirob joni halqumiga keldi.
— Boʻri polvon! — dedi. — Enangni qozi... dodingni kimga aytasan, deydi! Yurt soʻraydigan raisi shul boʻlgach, fuqaro dodini kimga aytadi?! Brigadiriga aytadi-da!

Boʻri polvon koʻtarilib-koʻtarilib ketdi: el Boʻri polvonni qora tortib keldi!

Boʻri polvon havolanib-havolanib ketdi: el Boʻri polvonni katta deb keldi!

Boʻri polvon ichkaridan davralarda kiyib olishmish jelagini kiyib keldi.
— Undaychikin nahs raisni yerparchin qilaman! — dedi.

Davraga shaylanmishdayin, bilaklarini turdi. Chap-chaqqon boʻldi.
— Nomahram ayol qoʻyniga kiradigan undaychikin nahsni tappiday yerga yopaman, tappiday!
— Oyoq-qoʻlini boylab keldim, — dedi mirob. Boʻri polvon oʻylab qoldi: unda borib nima qiladi?

Oyoq-qoʻli boylanmish odamni yerga yopadimi?
— Unda men bormayman, — dedi Boʻri polvon. — Nahslar yuzini koʻrmayman! Kasofati uradi!
— Boʻlmasa, raisni nima qilayin, chuqur kovlab, koʻmib tashlay berayinmi?
— Yoʻq, unday qilma. Bunday qil: nahsni rayon olib bor! Kattalarga koʻrsat! Boshqa nahslarinida aytib-aytib tashla!

18

Mirob raisni shu alfozda otga oʻngarib, tuman olib joʻnadi.

Rais yoʻlda oʻziga keldi. Nima gapligini payqadi. Hoʻng-hoʻng yigʻlab qoʻya berdi.

Rais yalinib-yolvordi. Dunyo va’da qildi.
— Eshigimda «Volga»; turibdi. Bor-u, minib ket...— dedi.

Mirob rais vovaylosini eshitmayin deya, ogʻziga ot yagʻiriga qoʻyadigan paxta tiqib qoʻydi.

Tong tagi oqara berib-oqara berib, tuman ijroqoʻmi oldiga yetib keldi.

Raisni idora oldi simyogʻochga tangʻib bogʻladi.

Tong yorishdi.

Idoradan qorovul uyqusirab chiqib keldi. Ertalabdan paydo boʻlmish otliq kim ekanini bilish uchun mirobga gap qoʻshdi:
— Qani, chavandoz, Budyonniyga oʻxshab otda qaqqayib turibsiz? — dedi.

Mirob miq etmadi.

Qorovul raisni koʻrdi. Koʻzlariga ishonmadi. Esankirab qoldi. Raisni boʻshatmoqchi boʻldi.

Ammo mirob yoʻl bermadi.

Birin-ketin xizmatchilar keldi. Bir ayol raisga koʻzi tushib, chappa burilib qochdi. Bir ayol yuzlarini changallab, oʻtirib qoldi.

Bir-ikki odam raisni boʻshatmoqchi boʻldi.

Mirob qamchi koʻtarib, dagʻdagʻa qildi.
— Qoʻllaringni tortinglar, boʻlmasa urib sindiraman! — dedi.
— Hech boʻlmasa ishton kiygizib qoʻyaylik, insonniyam shuncha xoʻrlaydimi? — dedi odamlar.
— U inson emas! Ol, qoʻlingni! — dedi mirob. Ijroqoʻm raisi keldi. Simyogʻochga bogʻloqlik raisni koʻrdi. Birdan teskari burildi.

Mirob uzangiga oyoq tirab, ot ustida tikka turdi. Qamchi uchi bilan raisni koʻrsatdi.
— Ay, ijroqoʻm! — dedi. — Anavi simyogʻochdagi jonivor, Xoliqulni Termizga oʻqishga yuborib, oʻzi uning ayoli bilan oʻynadi! Xuddi shu jonivor, Hamidni qayoqqadir ish bilan yuborib, oʻzi uning ayoli bilan oʻynadi! Kolxozni nahs bosdi, ijroqoʻm, elni nahs bosdi! Katta boʻlsang, qara-da, ukkagʻarning ijroqoʻmi! Ana, tagʻin, ishonmaydi deb, nahs qanday boʻlsa, shundayligicha otga oʻngarib keldim!

Mirob otiga qamchi bosdi. Rais urilib ketdi.

19

Idora oldida ulkan majlis boʻldi. Majlisda rais sayla-sayla boʻldi. Toʻrtta e’tiborli odam nomzodi aytildi. Jumladan, Boʻri polvon nomida aytildi. Qoʻl koʻtar-koʻtar boʻldi. Qoʻl sanar-sanar boʻldi. El Boʻri polvon uchun qoʻl koʻtardi. Boʻri polvon kolxoz raisi boʻldi. Rais boʻlib ish buyurish oson, yoʻl-yoʻriqlar berish oson, qogʻozlarga qoʻl qoʻyish oson! Ijro! Ijro etish qiyin! Boʻri polvon rais boʻlib, ana shunday xulosaga keldi!

20

Oʻlim qosh bilan qoboq orasida boʻladi!

Boʻri polvon favqulodda onasini berib qoʻydi.

Ay, mansab oʻlsin-a, mansablari oʻlibgina ketsin-a!

Kim vafot etdi? Raisimiz volidai muhtaramalari vafot etdi! Kim qazo qildi? Raisimiz onalari qazo qildi!

Shunday odam yigʻildi, shunday odam yigʻildi! Boʻri polvon hovlisi yuzida oyoq bosar yer qolmadi! Hovliga kirib boʻlmay qoldi! Boʻri polvon koʻchasi odamga liq toʻldi! Koʻchadan oʻtib boʻlmay qoldi!

Tobut ketidan tizilmish mashinalar bir uchi Boʻri polvon uyida boʻldi, bir uchi qabristonda boʻldi!

Boʻri polvon tong saharlari onasi qabriga bordi. Onasi oldida oʻtirib-oʻtirib keldi.

Oradan bir haftacha oʻtkazib bordi.

Shunda, onasi qabri boshida... oppoq marmar sagʻana koʻrdi!

Marmar sagʻanada onasi ismi sharifi bilan tavalludi bitiklik boʻldi. Onasi ismi sharifi barmoqday-barmoqday qop-qora chiziq bilan oʻrab qoʻyildi.

Boʻri polvon hayrondan-hayron boʻldi. Marmar sagʻana chapidan oʻtib qaradi, oʻngidan oʻtib qaradi. Koʻzlariga ishonmay, sagʻanani ushlab-ushlab koʻrdi, silab-silab koʻrdi.

Qishloqqa qaytib kelib, ogʻayinlariga nazar soldi. Ogʻayinlari yuzida biror oʻzgarish koʻrmadi.

Boʻri polvon ikki haftadan keyin tagʻin keldi.

Bu safar haminqadar hayron boʻldi!

Onasi qabri tevaragi... marmar toshtaxta boʻldi! Marmar toshtaxta toʻshalmish joy bir uy ichicha keldi! Marmar toshtaxta oftobda yalt-yalt etdi!

Boʻri polvon yaltiroq marmar toshtaxta uzra oyoq bosishinida bilmadi, bosmasinida bilmadi. Bosayin desa, marmar toshtaxtani koʻzi qiymadi. Bosmayin desa, onasi qabri marmar toshtaxta qoq oʻrtasida boʻldi.

Boʻri polvon etiklarini yerga tepib-tepib qoqdi. Marmar toshtaxta uzra oyoq uchida yurdi. Omonat-omonat yurdi. Tagʻin, kir qilib qoʻymadimmi, demishday, iziga qarab-qarab yurdi.

Bir amallab, onasi qabriga yetib bordi. Qabr boshida tizzalab oʻtirib, fotiha oʻqidi. Oyoqlari ostida toʻshalmish marmar toshtaxtani siladi.

Onasi rahmatlik bir umr loy tomda yashadi. Bir umr tuproq yerda yashadi. Endi esa... bosh-adogʻi marmar boʻldi!

Boʻri polvon oʻylab oʻyiga yetolmadi: bu ishni kim qildi? Onasi rahmatlikning Boʻri polvondan oʻzga oʻgʻlida boʻlmadi, qizida boʻlmadi.

Marmar sagʻanani boʻlsa, faqat farzand qoʻyadi!

Chin, ogʻayin-jamoalari bor, xesh-aqrabolari bor. Ammo xesh-aqrabolari marmar sagʻana qoʻyadimi? Qoʻymaydi, qoʻymaydi!

Axir, oʻgʻil tirik turibdi! Kimsan, Boʻri polvon!

Boʻri polvon tevarak-boshga alangladi: butun qabristonda bitta hashamdor mozor boʻldi. Uyam boʻlsa, Boʻri polvon onasi mozori boʻldi. Shu bois, mozorlar ichra alohida ajralib turdi.

Boʻri polvon xesh-aqrabolari oldidan oʻtdi. Koʻngil yaqinlari oldidan oʻtdi. Kim boʻlsa-da, oʻzi aytadi, deya oʻyladi. Juda boʻlmasa, biror-bir ishora bildiradi, deya umidlandi.

Ammo birovda sado bermadi! Birovda yuz ifodasi bermadi!

Boʻri polvon oʻzi soʻrayin, dedi. Ammo soʻrashga tili bormadi, nima deb soʻraydi?

«Bizning onamiz qabriga siz marmar sagʻana qoʻydingizmi?»;— deydimi?

Idoraga koʻngil yaqin odamlarini chaqirdi. Yaqinlariga bir-bir tikildi. Qanday qilib soʻraydi?

«Kim bizning onamiz qabriga marmar sagʻana qoʻygan boʻlsa, qoʻlini koʻtarsin!»;— deydimi?

Boʻri polvon dardi ichida boʻldi. Bu borada miq etolmadi, ogʻiz ocholmadi.

Uncha-muncha odam bundaychikin qimmatbaho marmar sagʻana qoʻyolmaydi. Marmar sagʻana qoʻyolsa-da, bir uy ichicha kelmish joyga marmar toshtaxta toʻshash qoʻlidan kelmaydi.

Boisi, qishloqda marmar zoti yoʻq boʻldi. Marmar toshtaxta tuman markazida boʻldi. Katta-katta idoralar oldida boʻldi.

Bu ishni kim qilsa-da, oʻziga toʻq odam qilibdi! Qoʻli uzun odam qilibdi!

«Kim boʻldi bu odam?»;

Boʻri polvon qurilish brigadirini chaqirdi. Bildirmay, omborda nima bor-yoʻqligini soʻradi. Brigadir yuz-koʻzlariga sinchiklab-sinchiklab qaradi. Brigadir yuzidan biror nima bilolmadi.

«Yo tavba! — dedi Boʻri polvon. — Marmarlar osmondan tushdimi, nima balo...»;

21

Bu vaqt, qurbon hayit kelib qoldi.

Boʻri polvon hayit arafa kunlari onasini yoʻqlab bordi.

Boʻri polvon olisdan qabr boshida bir qora soya yurmishini koʻrdi.

«Togʻalarim boʻlsa bordir, — deya oʻyladi Boʻri polvon. — Hayit arafada yoʻqlab kelibdi-da»;.

Kora soya qabr boshida yurdi-yurdi, keyin oʻtirdi.

Boʻri polvon qabriston oralab yurdi. Boshini xam qilib yurdi. Sagʻanalarda bitilmish bitiklarni oʻqib-oʻqib yurdi. Koʻngil yaqin qabrlar boshida oyoq ilib, fotiha oʻqib-oʻqib yurdi.

Boʻri polvon koʻngli uvishib-uvishib ketdi: shu yotmish bandalar yaqin-yaqinlarda tirik edi, eson-omon edi. Endi esa yoʻq...

Boʻri polvon qabrlar boshida fotiha oʻqib-oʻqib, onasi qabriga kelib qoldi. Marmar toshtaxta oldida yerdan bosh koʻtardi.

Marmar toshtaxta poyida ikkita kalish juft boʻlib turdi. Kalish egasi Boʻri polvon onasi qabri boshida boʻldi. Kalish egasi tizzalab oʻtirdi. Bosh egib oʻtirdi. Mingʻir-mingʻir duo oʻqib oʻtirdi.

Boʻri polvon kalish egasini darrov tanidi!

Shunday boʻlsa-da, kalish egasi yuziga bir chap tarafidan qaradi, bir oʻng tarafidan qaradi.

Boʻri polvon oʻz koʻzlariga oʻzi ishonmadi!

Kalish egasi fotiha oʻqib boʻlgunicha sabr qilib turdi.

Nihoyat, kalish egasi duosini oʻqib boʻldi. Ohista joyidan qoʻzgʻoldi. Ketiga burildi. Boʻri polvonni koʻrib, qoʻllarini koʻksiga qoʻydi. Bosh irgʻab salom berdi. Marmar toshtaxta chetida turmish kalishiga qarab yurdi. Kalishini oyogʻiga ilib, qishloqqa ravona boʻldi.

Boʻri polvon kalish egasi ketidan qarab turdi-turdi... birdan oʻziga keldi. Kalish egasi ketidan yurdi. Yetib ololmay, loʻkillab-loʻkillab yurdi. Kalish egasi ketidan ovoz berdi:
— Ay... rais bova, toʻxtang-ay, bir gap berib keting-ay! — dedi.

Eski rais oyoq ildi. Ketiga burilib turdi. Qoʻllari koʻksida boʻldi.

Boʻri polvon eski rais ketidan yetib bordi. Bosh irgʻashib salom-alik qildi.
— Qani, bundaygina yuribsiz, rais bova? — dedi Boʻri polvon.

Eski rais bosh irgʻadi.
— Azachilik, Boʻri polvon, azachilik, — dedi. — Shu, volidai muhtaramamizni yoʻqlab kelib edik...

Boʻri polvon eski raisga tikilib-tikilib oʻyladi.

Eski raisning kimi qazo qildi, qachon qazo qildi, eslay olmadi.

«Tavba, — dedi Boʻri polvon, — unda, eski rais kimni yoʻqlab keldi?»;

Shunday boʻlsa-da, Boʻri polvon sir bermadi.
— Binoyi-da, binoyi...— dedi Boʻri polvon. Eski rais boshi bilan qabristonga ishora qildi.
— Volidai muhtaramamiz koʻzi ochiqligida qadriga yetolmadik,— dedi eski rais. — Endi, hurmatini qilmasak boʻlmas. Odamzot shu-da, Boʻri polvon, odamzot shu-da. Odamzotning koʻzi vaqt oʻtgandan keyin ochiladi...
— Ha-a-a...— dedi Boʻri polvon.
— Endi, oʻtgan ishga salavot, Boʻri polvon, — dedi eski rais. — Hech boʻlmagandan keyin kech boʻlsayam boʻla beradi. Ana...

Eski rais boshi bilan Boʻri polvon onasi qabriga ishora qildi.
— Ana, — dedi. — Volidai muhtaramamiz makonini serhashamgina qilib qoʻydik. Ana endi, kimsan, kolxoz raisi Boʻri polvon volidai mehriboni qabri ekani shundaygina bilinib turadigan boʻldi...

Boʻri polvon rais boshi bilan ishora qilmish tarafga qaradi. Angrayib qoldi.

«Yo tavba! — dedi Boʻri polvon. — Rais bizning onamizni aytayaptimi deyman...»;

Boʻri polvon angraymish ogʻzini yopolmadi.
— Ha-a-a...— dedi.

Boʻri polvon nima deyishni bilmadi. Bir onasi qabriga qaradi, bir eski raisga qaradi.

«Rais bova, u mening onam-ku!»;— deyin-deyin, dedi. Yana-tagʻin, sir boy bermadi.
— Ha-a-a...— deya tura berdi.

Eski rais bosh irgʻab-bosh irgʻab ichini tortdi.
— Uf-f-f, dunyo shu ekan-da...— dedi.

Shunda, Boʻri polvon xayolidan... onasi chiqdi-ketdi!

Boʻri polvon esi-dardi eski raisda boʻldi-qoldi. Boʻri polvon ikki koʻzi eski raisga tikildi-qoldi!

Eski rais ust-boshi juldur-yirtiq boʻldi. Eski rais soch-soqoli paxmoq-paxmoq boʻldi. Eski rais kalishlari yirtiq-teshik boʻldi...

Boʻri polvon eski raisga ichi achib-achib ketdi!
— Ha-a... hozir nima ish qilayapsiz, rais bova? — dedi Boʻri polvon.

Eski rais kalishi yirtigʻidan koʻz uzmadi.
— Biz bechoralar nimayam ish qilardik, Boʻri polvon,— dedi. — Yotibmiz-da, duoi fotiha qilib. Mana shundaychikin uvol-savob ishlar qilib...
— Biron joyda qimirlab tursangiz boʻlardi. Bola-chaqa deganday...
— Chin, Boʻri polvon, chin, oʻzimizni oʻylamasak ham, bola-baqrani oʻylab, qimirlab tursak boʻlardi. Lekin bizni kim ham ishga olardi, Boʻri polvon...
— Ishlayman desangiz, ish koʻp, rais bova, ish koʻp. Eski rais kalishi yirtigʻidan koʻz uzmadi.
— Qani edi, ish boʻlsa, ishlar edik, — dedi. — Shuncha yaxshi ichida bitta yomon ishlasa ishlabdi-da!..

Ana shu yerda Boʻri polvon juda-juda ta’sirlanib ketdi!
— Nima ish berayin, ayting! — deb yubordi.

Eski rais xuddi shu gapni anggʻib turib edi! Birdan boshini adl koʻtardi!
— Bizga shu... ferma mudirlikmi, ombor mudirlikmi... boʻlsa boʻladi, — deya mingʻirladi.
— Boʻldi! — dedi Boʻri polvon. — Sadqai suxaningiz!

22

Boʻri polvon gapida turdi.

Eski rais ferma mudir boʻldi.

El-yurt esa, norozi boʻldi.

Ana shunda Boʻri polvon esi joyiga keldi!

Bir oqshom ketmon koʻtarib, qabriston yoʻl oldi.

Marmar toshtaxtalarni qoʻporib-koʻporib tashlamoqchi boʻldi. Marmar sagʻanani ilib-ilib otmoqchi boʻldi.

Yo, alhazar! Qabristonga qoʻl tekkizib boʻladimi? Qabrni buzib boʻladimi?

Boʻri polvon onasi qabriga tikilib turdi-turdi... niyatidan qaytdi.

«Boʻlar ish boʻldi, — dedi. — Ukkagʻar nahs bopladi. Boplaganda-da, ulay-bulay boplamadi. Endi, birovga aytib qoʻymasa boʻldi»;...

23

Boʻri polvon uyidan odam arimadi. Yosh-qari fotihaga kelib-ketib turdi. Olis-olislardan fotihaga keldi.

Boʻri polvon idorada ishi bilan boʻldi. Bir safar uyidan chopar keldi.
— Olisdan odam keldi, borar emishsiz, — dedi. Boʻri polvon uyiga yoʻl oldi.

Darvozadan hatlab, ostonada serrayib qoldi.

Supada Nasim polvon oʻtirdi!

Boʻri polvon ichkari kirishinida bilmadi, kirmasini-da, bilmadi. Bir koʻngli, iziga qaytib ketayin dedi. Yana-tagʻin niyatidan qaytdi.

Boisi, Nasim polvon qabatida tagʻin ikkita mehmon boʻldi.

«Bu qizbet onamiz qazosini qaerdan bilibdi ekan?»;— deya oʻyladi Boʻri polvon.

Boʻri polvon ilojsiz ichkariladi. Supaga qarab yurdi.

Mehmonlar koʻrishish uchun joylaridan qoʻzgʻoldi.

Ana shunda Boʻri polvon yomon vaziyatda qoldi! Koʻrishayin desa, Nasim polvon boʻldi! Koʻrishmayin desa, ikkita mehmon joyidan turdi. Qoʻllari koʻksida, moʻlt-moʻlt qarab turdi!

Boʻri polvon bir koʻngli, shu ikkita mehmon bilan koʻrishib qoʻya qolayin, dedi.

Ammo boʻlmadi!

Nasim polvon quchogʻini katta ochib, Boʻri polvonga qarab kela berdi.

Boʻri polvon yuzini yerga oldi. Oʻzini koʻrmaslikka soldi. Yer singalab-er singalab, supa chetiga borib oʻtirdi.
— Koʻrganimiz koʻrishganimiz...— dedi. Mehmonlar joy-joyiga qaytib oʻtirdi. Bir mehmon duo oʻqib boshladi:
— Auzu billahi minash shaytonir-rojim. Bismillahir-rohmanir-rohim...

Yuzlarga fotiha tortildi.

Boʻri polvon mehmonlar bilan bitta-bittalab hol-ahvol soʻrashdi. Gal Nasim polvonga keldi.

Boʻri polvon Nasim polvondan hol soʻramadi! Nasim polvon betiga qayrilibda qaramadi!

Boʻri polvon yuzini uy tarafga oʻgirdi.
— Ay, dasturxon olib kelinglar-ay! — dedi. Boʻri polvon goʻyo, dasturxon yoʻlini qarab turmishday, Nasim polvondan yuzini teskari burib oʻtira berdi.

Kenjasi dasturxon olib keldi.

Boʻri polvon uchun endi dasturxon bahona boʻldi. Dasturxonga tikilib oʻtirdi.
— Qani, xush koʻrdik, — dedi Boʻri polvon. Mehmonlar biri qoʻyib biri ta’ziya bildirdi:
— Bandalik, Boʻri polvon, bandalik.
— Biz bexabar qolibmiz.
— Nasim polvon aytib qoldi.
— Men ham bilmay qolibman. Gazetadan koʻzim tushib qoldi, — dedi Nasim polvon.

Boʻri polvon birdan sergak tortdi. Dasturxondan boshini koʻtardi. Mehmonlarga alang-jalang boʻlib qaradi.
— Gazetadan? — dedi. — Qanday gazetadan? Nasim polvon qoʻynidan roʻznoma olib uzatdi.
— Mana! — dedi.

Boʻri polvon roʻznomaga qoʻl uzatmadi! Indamay qarab tura berdi!

Shunda, qabatida oʻtirmish mehmon roʻznomaga uzaldi. Olib, Boʻri polvonga berdi.

Boʻri polvon roʻznomaga ser soldi. Ta’ziya bitilmish joyni hadeganda topa bermadi.

Shunda, qabatida oʻtirmish mehmon barmogʻi bilan nuqib-nuqib koʻrsatdi.
— Hayla, hayla! — dedi.

Boʻri polvon barmoq nuqilmish joyni oʻqidi: «...Oyxol Qurbon qizi...»;

Boʻri polvon qoʻlidagi roʻznoma dasturxonga tushdi.

Boʻri polvon toʻrtburchak chiziqqa tikilib qoldi. Chiziqlar qop-qora boʻldi. Chiziqlar oʻqlovday-oʻqlovday boʻldi. Chiziqlar onasi rahmatlik ismi sharifini oʻrab-chirmab turdi!

Boʻri polvon qop-qora chiziqlarga oʻrogʻlik onasi ismi sharifiga qarab oʻtirdi-oʻtirdi... onasi sagʻanasidagi qop-qora toʻrtburchak esiga keldi.

«Yo, bunida eski rais qildimikin? - deya oʻyladi Boʻri polvon. — Undan keladi. Boʻlmasa, gazeta qaerdan biladi»;.

Mehmonlar, Boʻri polvon koʻngli buzildi, deya oʻyladi.

Mehmonlarda Boʻri polvonday muztar boʻlib oʻtirdi.

Nasim polvon qoʻynidan qoʻlroʻmolchasini oldi. Piq-piq yigʻlab qoʻya berdi.
— Bechora momo, oʻzimning enamday koʻrar edim...— deya yigʻladi.

Boʻri polvon ich-ichidan ijirgʻandi.

«Iflos! — dedi. — Sen nimaga yigʻlayapsan? Oʻlgan boʻlsa, mening onam oʻlgan, senga nima!»;

Boʻri polvon dasturxondan roʻznomani oldi. Qabatida oʻtirmish mehmonga yuz soldi.
— Enamiz bandalik qilganini bu gazeta qaerdan bilibdi? — dedi.

Nasim polvon yuz-koʻzlarini arta-arta:
— Biladi-da, gazeta bilmasa kim biladi, — dedi. Boʻri polvon qabatida oʻtirmish mehmondan soʻradi:
— Oʻzi... bu ukkagʻar gazeta nimaga bunday qiladi? Tagʻin Nasim polvon javob berdi:
— Doʻst-dushman bilsin degan-da...

Boʻri polvon qabatidagi mehmondan koʻz olmadi. Nasim polvonga qayrilibda qaramadi!

«Oʻchir-e, qizbet! — dedi ichida. — Sendan kim soʻrayapti!»;

Boʻri polvon qabatida oʻtirmish mehmon tizzasiga qoʻlini qoʻydi. Atayin shunday qildi! Nasim polvon gapimga tumshugʻini tiqmasin, dedi!
— Oʻzi... shu gazeta qaerda? — dedi Boʻri polvon. Ammo tagʻin Nasim polvon javob berdi.
— Qaerda boʻlardi, Denovda-da, — dedi. «Oʻchir-e, itdan boʻlgan...»;

Boʻri polvon ichida shunday deya, tagʻin uyi tarafga yuzini burdi.
— Ay, choy-poy olib kelinglar-ay! — deya ovoz berdi. Choy yoʻlini qarab turmishday, Nasim polvondan yuz oʻgirib oʻtirdi.

Mehmonlar nimalarnidir fahmladi. Ketamiz-ketamizga tushdi.

Boʻri polvon aynan shuni kutib turmishday, joyidan qoʻzgʻoldi.
— Esa, xoʻsh dengizlar! — dedi. — Bizni izzat qilib kelibsizlar, sizlarni xudo izzat qilsin!

Mehmonlar joyidan qoʻzgʻoldi.

24

Boʻri polvon roʻznomani yirtib-yirtib otdi. Shundada hovuridan tushmadi. Roʻznoma boʻlaklarini terib-terib, qoʻyniga soldi. Denov yoʻl oldi.

Umrida ilk bor roʻznomaga ishi tushishi boʻldi. Shu bois, soʻrab-soʻrab topdi.

Roʻznomachilar joylaridan irgʻib turdi. Keling-keling, qildi.

Boʻri polvon qoboq uyub oʻtirdi. Gapni nimadan boshlashni bilmadi.

Shunda, roʻznomachilar oʻzi gap ochdi.
— Chuqur ta’ziya bildiramiz...— deyishdi. Boʻri polvon maqsadga oʻtdi.
— Enamiz bandalik qilganini qaerdan bildilaring? — dedi.

Roʻznomachilar bir-birlariga qarab oldi.
— Raykom aytdi, — deyishdi.

Boʻri polvon nima deyishini bilmadi. Xiyol hovuridan tushdi.
— Raykom aytsa, ayta beradi-da... — dedi.

Boʻri polvon qoʻynidan roʻznoma boʻlaklarini olib, stolga qoʻydi.
— Raykom aytdi deb, birovning kora kunini dunyoga doʻmbira qilib chala berar ekan-da? — dedi.

Roʻznomachilar hayron boʻldi.
— Nima boʻpti, rais bova? — deyishdi.
— Ichlaring kir ekan! — dedi Boʻri polvon. — Enamiz poshikastani xudo yaratib edi, xudoning oʻzi oldi-ketdi. Endi shuni butun dunyoga yoyish kerakmidi?
— Ta’ziya bu, rais bova, ta’ziya.
— Ta’ziya boʻlsa, uyga boradi, gazetaga yozadimi? Yozaman desalaring, ana, xush-xushvaqt kunlarimdan yozinglar!
— Hammagayam bunday ta’ziya bera bermaymiz, rais bova. Bu hurmat-da, hurmat.
— Xurmat deb, kelib-kelib qora kunimni yozasizlarmi? Uyat-e, uyat!
— Rais bova...
— Qoʻyinglar-e, Boʻri polvonning qora kuni toʻymidiki, olamga aytuvchilik qilasizlar? Aytib qoʻyayin, qora kunlarimni yana-tagʻin shunday doʻmbira qilib chalsalaring, mendan oʻpkalab yurmanglar!

Boʻri polvon dast turib ketdi. Bir koʻngli, firqa qoʻmitasigada borayin, dedi. Firqa oʻz oti oʻzi bilan firqa-da, yuragi dov bermadi.

«Gazetachilar bilan aytishdim, shu boʻladi, — dedi Boʻri polvon.— Endi, raykom aytsa-da, gazetachilar ismi sharifimni qoraga oʻrab, dunyoga doʻmbira qilib chalmaydi. Raykom aytsa-da, gazetachilar qora kunlarimni gʻanimlarimga ovoza qilmaydi...»;

25

Sut bilan kirgan, jon bilan chiqadi!

Boʻri polvon endi oʻzi bilan oʻzi olisha boshladi. Davralarga qarab oʻtirib, birdan chiqib olishgisi keldi.

Ayniqsa, lanj polvonlar olishini koʻrsa, Boʻri polvonga bir boʻlak kun tugʻdi. Oʻtirolmay, oʻrnidan turib ketdi. Qoʻllarini orqasiga qilib, davra sirtida asabiy yurdi.
— Qoʻgʻirchoq! Polvon emas bular, qoʻgʻirchoq! — dedi. Oʻz qishlogʻi polvonlari magʻlub boʻlsa, butun vujudini qaltiroq tutdi. Polvonlik qoni qoʻzgʻadi, davraga chorladi. Chiq-chiq, dedi.

Nachora, dard boru darmon yoʻq...

Boʻri polvonsiz davralar fayzsiz boʻlib qoldi. Boʻri polvon oʻrni juda-juda bilindi.

El Boʻri polvon kurashini qoʻmsadi.
— Kurash Boʻri polvonga halol edi-da, — dedi.

El tagʻin yorugʻ yulduzni — Boʻri polvonday bir zoʻrni qaradi!

Mardona oʻyinlarda yorugʻ yulduz boʻlsa! Yorugʻ yulduz davralarga hamisha koʻrk beradi, salobat beradi! Tevarakdagi rangsiz yulduzlar, mitti yulduzlar xiraligini bildirmaydi!

Boʻri polvonda davralarga intiq boʻlib qaradi. Boʻri polvon oʻzini izladi!

Yoʻq, Boʻri polvon yoʻq!

Aksiga olib, ayoli topganida qiz boʻldi! Toʻrtinchi farzand koʻrdi — tagʻin qiz boʻldi!

Boʻri polvon peshonasi tirishib-tirishib toʻngʻilladi:
— Uyoqqa qarasangda qiz, buyoqqa qarasangda qiz... hammayoq qiz! - dedi.

Beshik tebratayotgan ayoli miyigʻida kuldi. Ilmoqli gap otdi:
— Yaxshi niyat qiling...— dedi.
— Yaxshi niyat qilmay nima qilyapman?
— Quruq niyatning oʻzi kifoya qilmaydi...
— Boʻldi-e, ukkagʻarning ayoli!..

Shunday qilib, Boʻri polvon ayoli bilan har oʻn sakkiz kunda bir marta yotadigan boʻldi...

Yaratganning oʻzidan davralarni gursillatib-gursillatib olishadigan oʻgʻil tiladi.

Hartugul, beshinchi farzandi oʻgʻil boʻldi!

Tilab-tilab topganim deya, otini Tilovberdi qoʻydi.

Boʻri polvon endi orzu bilan ovundi: oʻgʻli Tilovberdi balogʻatga yetyapti — ot oʻrnini toy bosadi...

Yolgʻiz oʻgʻil Tilovberdi tez yetildi. Uni kuyov qiladiganlar koʻpaydi. Ayrimlar tilga borib aytdi.

Ammo Boʻri polvon rozi boʻlmadi. Kampiri qistasa-da, koʻnmadi.
— Polvon oʻzini uch balodan asrasagina polvon boʻladi. Birinchisi — ayoldan oʻzini tiyish! Shoshmasin, hali yosh, - dedi.

Boʻri polvon oʻgʻlini tarbiya qila berdi. Oʻgʻlini nahorda uyqudan uygʻotdi. Tuxum yuttirdi...

XXI

Boʻri polvon oʻgʻliga qaradi-qaradi, hayrat ham quvonch bilan kulimsiradi.

Tavba, xuddi otasiday olishadi-ya! Ayniqsa, oʻynab-oʻynab olishi, hayqirib-hayqirib chil berishi, otasining oʻzginasi boʻldi!

Alp — otadan, zot — onadan-da!

Otamisan — oʻgʻling boʻlsin ekan!

XXII

Davra aylanayotgan Tilovberdi choʻkkaladi. Yerni tavof qildi: ikki kaftini yerga suykab, yuzlariga tortdi. Davra toʻrida oʻtirgan chollar roʻparasiga tiz choʻkdi. Chollar kaftlarini baravar ochdi.
— Omin, belingga quvvat, bilagingga kuch, yuragingga oʻt bersin, ollohu akbar! — deya duo kildi.

Polvonlar davra aylandi. Qoʻl berib koʻrishdi.

Tilovberdi polvon davra chetida birdan burildi. Jelaklari etagini ketiga surdi. Qoʻllarini tuflab-tuflab hoʻlladi. Oʻng oyogʻini lapanglatib-lapanglatib olgʻa tashladi. Qoʻllarini boshi uzra koʻtardi. Barmoqlarini oʻynatib-oʻynatib, Maksim polvonga qarab bordi.
— Ha, barakalla, ota oʻgʻli! — dedi davra. — Oʻyna, otangga oʻxshab oʻyna!

Barmoqlar mardona oʻynadi, chaqqon oʻynadi. Davra joʻshib-joʻshib qiyqirdi:
— Ha-ha-a-a!
— Otasining uli-da!

Barmoq oʻyini — polvonlar sant'ati! Bu san'atni hech kim polvonchalik ijro etolmaydi!
— Ha, doʻ-oʻ-oʻst!

Tilovberdi polvon Maksimning ichidan chil berib chapga, soʻng, oʻngga koʻtardi. Shiddat bilan keyinga surdi. Tagʻin boʻlmadi.

Maksim polvon orqasiga tengsarilib-tengsarilib, joyida turib qoldi.

Polvonlar qoʻyib yuborishib, yana davra aylandi.

XXIII

Davra bir zum jimjit boʻlib, tagʻin jonlandn. Davra polvonlar kurashini gapirishib oʻtirdi:
— Shu, Maksim polvon juda sovuq olishar ekan, nima dedingiz?
— Sportchi-da, seksiyada tarbiya topgan. Ular kitobda nima yozilgan boʻlsa shuni qiladi.
— Televizorda Monrealʼ olimpiadasiii koʻrdilaringizmi? Klassik kurashni olib koʻrsatdi. Bir sovugʻ-e, shuyam olish boʻldi-yu.
— Hm, juda lanj olish. Klassik kurashda oyoq bilan chil berish degan gap yoʻq.
— Yana-tagʻin jahon sporti emish deng.
— U fransuzlarniki-a?
— Shu, fransuzlargayam qoyilman, oʻzining olishini butun jahonga yoygan.
— Moʻmin muallim, mana, siz oʻqimishli odamsiz, uyingizda kitobingiz koʻp, deb eshitaman. Siz ayting, nega endi bir lanj klassik kurash butun jahon sporti boʻladi-yu, oʻzimizning olishni faqat toʻyda yo «Hosil bayrami»;da koʻramiz? Yo, olishimiz sport emasmi?
— Sport ham gapmi, san'at! Koʻryapsizmi, Tilovberdining oʻynab olishuvini. Buni hech qaysi trener, seksiya ham oʻrgatolmaydi.
— Bali! Uzoqlarga qarab yashaymizu, oyogʻimiz ostidagi gavharni koʻrmaymiz.
— Otangizga rahmat! Yaqinda Moskvada oʻqiyotgan Jabbor bir olim oshnasini olib keldi. Olishni tomosha qildirdi. Oshnasi hayron boʻlib, nima dedi deng, bular jismoniy tarbiya maktabini bitirganmi, dedi.
— E, ha-ha-ha! Jabbor nima dedi?
— Yoʻq, biz oʻzi shunday xalq, dedi.
— Men yaqinda sambo olishi haqidagi kitobni koʻrdim. Hamma chillarning rasmi bor. Xoh ishoning, xoh ishonmang, oyoqdan olishdan boshqa hammasi oʻzimizning olishda bor ekan-e.
— Mengboy kalning gapida jon bor. Kitoblik Sayfiddin Hodiev bor-ku, yaqinda oʻsha bilan oʻtirib qoldim. Trenerlar meni jahon chempioni qilib yetishtirdim, deb suyunadi, bilmaydilarki, men bolaligimdan toʻylarda olishib yurgan tayyor polvon edim, deydi.
— Aytganday, shu bola ikki marta jahon chempioni boʻldi-ya.
— Ha-da, Moʻgʻulistonda qanday qilib jahon chempioni boʻlganini gapirib berdi. Olish vaqti tugashiga bir necha sekund qolganda yonboshga olib urib ochko oldim, deydi. Bunday hunar boshqa biror olishda yoʻq, faqat bizning olishimizda bor, deydi.
— Ota-bovamizning hunarini mahkam ushlasak, jahonning eng zoʻr polvoni biz boʻlamizku-ya, nima dedingiz, shoʻro bova?
— Koʻp noshukurlik qila bermanglar, haliyam zoʻrmiz. Ana, jahon chempionlari Sayfiddin, Sobir Qurbonov...
— E-e, boʻtam, ular oʻzimizning olishdan chiqqani bilan sambo boʻyicha chempion boʻlgan-da.
— Sizga qandayi kerak?
— Shu, oʻzimizning olish boʻyicha jahon chempioni boʻlsa ekan.
— Gapingizga tushunmadim, Nurmat togʻchi.
— Nima balo, kallang shamolda qolganmi deyman. Masalan, dunyodagi koʻpgina xalqlar oʻzlarining hech boʻlmaganda, bitta sportini jahon miqyosiga koʻtargan. Bizdan esa jahonga koʻtarilgan bittayam sport turi yoʻq....
— Bu oʻzimizga bogʻliq...

XXIV

Tilovberdi polvon bu safar shiddat bilan borib tuya chilga oldi: Maksim polvonni yoqasidan qoʻshqoʻllab ushladi, oʻng oyogʻini orqasidan ildirib oʻradi, zarb bilan ketiga surdi.
— Yo-yo-yo! — deya ayqirdi.
— Su-u-ur! — deya joʻr boʻldi davra.

Maksim polvon zarang tayoqday ekan — qayrilmadi!

Aksincha, Tilovberdining oʻzini ketiga tovlab yubordi.

Tilovberdi oʻmgani bilan borib yerga tushdi. Qoʻllarini keng yoydi. Men qoʻyib yubordim, siz ham qoʻyib yuboring, degan ishorani bildirdi.

Ammo Maksim polvon qoʻyib yubormadi. Tilovberdini qayirib, chalqancha bosmoqchi boʻldi. Xuddi sambo olishidagiday sudradi, yerga piypaladi.
— Hay-hay, sudrama! — dedi davra.
— Bu qanaqa polvon oʻzi!
— Kallasi bormi buning, yotgan odamniyam sudraydimi!

Boʻri polvon, Tilovberdi joyidan turib, Maksim polvon bilan yoqalashib ketadi, deb oʻyladi.

Yoʻq, oʻgʻli vazmin yigit boʻlibdi. Joyidan tura-tura, Maksim polvonga oʻqrayib-oʻqrayib qaradi. Shu bilan boʻldi qildi.

Boʻri polvon davraga yuzlandi.
— Xaloyiq, koʻrdilaringiz, shoʻrchiliklar olishimizga birmuncha shak keltirdi! — dedi. — Bilasiz, ukkagʻar oʻsha sambodayam, erkin kurashdayam, klassik kurash, dzyudo deganidayam, barcha-barchasida polvon dustaman8, yo yonbosh yiqilsa, yo tizzalab oʻtirib qolsa, ikkinchisi halol yiqitaman deb, bechora polvonni sudrab, yerga piypalaydi. Yo boʻlmasa, biror joyini qayiradi. Yerda yumalab yotgan odamni sudraydi-ya! Yo pirim-e, yo pirim-e... Bu erkakning ishi emas! Erkakmisan — oyogʻida tik turgan erkak bilan olish!

Tilovberdi polvon shiddat bilan olishuvi, iloji boʻlsa Maksim polvonga oʻzini ushlatmasligi lozim. Ushlatsa, Maksim polvon, albatta, biror himoya yoʻlini qoʻllaydi. Tilovberdini qimirlatmay qoʻyadi.

Boisi, samboda himoya oʻrgatiladi!

Bizning olishimizda esa himoya haqida gap boʻlishida lozim emas! Faqat hamla, hamla!

Shunday ekan, Tilovberdi polvon shunday tezlik bilan olishuvi kerakki, Maksim polvon oʻylashgada ulgurolmay qolsin!

Bu fikr koʻpchilikning, jumladan, Boʻri polvonningda xayoliga keldi. Oʻgʻliga aytmoqchi boʻldi. Yana-tagʻin fikridan qaytdi.

«Shashti baland, shunday olishsa kerag-ov, — dedi oʻzicha. — Mening oʻgʻlim boʻlsa, shunday olishadi»;.

Boʻri polvon Maksimga oʻgirildi.
— Ha, aytganday, polvon, — dedi, — mavridi kelganda aytib qoʻyay, zinhor-bazinhor tizzadan pastdan ushlama! Buyam bizning risolamizga toʻgʻri kelmaydi!

Tilovberdi polvon shitob bilan oʻynab bordi. Oʻng qoʻlini Maksimning ishtonbogʻidan oʻtkazib ushladi. Chap qoʻli bilan oʻng tirsagidan oʻrab ushladi-da, uchchoga oldi.
— Yo-yo-yo!..

Diqqat, Maksim polvon Tilovberdining uchchosidan oshyapti! Qarang-qarang, Maksimning boshi yerga egildi. Oyoqlari Tilovberdining boshi uzra koʻtarildi. Qoq yagʻrini bilan yerga uchib keldi!

Ayqiriqda nihoyasiga yetdi:
— ...Otamning piri! Gurs!

SSSR sport ustasi Maksim polvon yulduz sanadi!
— Halo-o-ol!
— E, yasha, otasining uli!

Tilovberdi Maksim polvonni joyidan turgʻazib qoʻydi. Yelkasiga yopishgan somonlarni qoqdi. Qoʻl berib xayrlashdi.

__________________________

8. Yuztuban.

XXV

Tilovberdi uchchoga olayotganda Maksim polvon nima qildi?

U sambo olishidagi vaziyatni qoʻlladi: gavdasini xiyol olgʻa egdi. Oʻng oyogʻini bir qadam oldinga bosdi. Tizzasini bukdi, qulochini oldinga yoydi.

E’tibor bering, birinchidan — oʻng oyogʻini, ikkinchidan — gavdasini, uchinchidan — goʻyo marhamat qilayotganday, oʻng qoʻlini berib qoʻydi!

Yana-tagʻin qimirlamay, hamlani kutdi!

Tilovberdiday abjir polvon uchun bu yuz foizlik imkoniyat degan soʻz boʻldi!

Bakovul Tilovberdi polvon yelkasiga toʻn yopdi.
— Serkani toʻyxonadan olasiz, — dedi.

Boisi, davra uchun olib kelingan mollar sovuqqa chidayolmay qochib keta berdi. Xizmatchilar joniga tegdi. Oqibat, yana toʻyxonaga olib borib qamab qoʻydi.

XXVII

Boʻri polvon davra aylandi.

Yoniga bir polvon gursillab tushdi: Temir polvon Berdi polvonni it chilga olib yiqitdi.

Berdi polvon origa oʻrta yoshlardagi bir polvon chiqdi.

Temir polvon talabgor yuz-koʻziga qaradi. Keyin oʻziga-oʻzi fotiha oʻqidi. Gap yoʻq, soʻz yoʻq, davradan chiqdi-ketdi.

Davra hayron boʻldi.

Boʻri polvon borib, gapirishib keldi.

Yuzlarida tabassum oʻynadi. Ovozi toʻla faxr boʻldi, ovozi toʻla gʻurur boʻldi:
— Xaloyiq! — dedi. — Men Temir polvon bilan gapirishdim, ha! Ukkagʻar, qoyilman deyapti! Nimaga deysizmi? Manavi talabgor Chori polvon oʻz vaqtida Temir polvonga bosh-qosh boʻp, toʻylarga olib borgan, oʻzining hunarlaridan ungada oʻrgatgan ekan! Shunga, Temir polvon aytyaptiki, u kishi menga ustoz boʻladilar, men ustozimning yoqasidan ushlamayman, deyapti! Siz nima deysiz, xaloyiq!
— Otasiga rahmat oʻsha polvonning!
— Asl polvon ekan!
— Shunday farzandlarning umri uzoq boʻlsin!
— Tuf-tuf-tuf, koʻz tegmasin-e, asl oʻzimizga tortibdi!

Boʻri polvon koʻzlari olma terdi. Oxirgi gapni aytmish odamni izladi. Ammo topolmadi.

«Bali! Bizning aslimiz ana shunday edi! — Boʻri polvon xayolan shu gapni aytmish odam bilan gapirishdi. — Inchunun, oʻz asliga tortmagan, oʻz aslini unutgan odam — odam ham emas!»;

XXVIII

Polvonlar oʻzlarini orqaga tashladi. Davra sovib qoldi. Boʻri polvon jar soldi:
— Xaloyiq, uzoq-yaqindan kelgan mehmonlar! Zulfiqor polvonning bu davraga ataganlari koʻp, ha! Men sizga aytsam, toʻyga ellikdan koʻp toʻyona mol tushgan! Zulfiqor polvon shuning yarmini polvonlarga ajratgan! Ogʻilda chori qoʻy, panji qoʻy, mangʻi qoʻylar quyrugʻini koʻtarolmay yotibdi! Tortinmay davraga chiqib, elga tomosha koʻrsating!

Sukunat boʻldi.

Boʻri polvon bildi: polvonlar hal etuvchi vaziyatni — toboq qoʻyilishini kutyapti.
— Polvonlar, bilaman, baring toboq tashlashimni anggʻiyapsan! - dedi. — Ukkagʻar pismiqlar-e! Oldindan aytib qoʻyayin, toboqni oz tashlayman! Koʻp boʻlsa, ikkita! Davraga chiqib olish, boʻlmasa, armonda qolasan!

Boʻri polvon, boya shoʻrchiliklar tor vaziyatda qolganini bilmadi.

Shoʻrchiliklarda hali olishmagan yo bitta, yo ikkita zoʻr polvon qoldi. Bordi-yu, ularda Tilovberdidan yiqilsa, unda, davra oxirida olishadigan boshqa polvonlari qolmaydi.

Shu bois, shoʻrchiliklar oqsoqoli toboq tashlashgacha vaqtni choʻzish uchun mugʻambirlik qildi.

Toboq nima? Bir vaqtlar qovurdoq goʻshtlik toboqlar davra oʻrtasiga qatorlashtirib qoʻyildi. Har bir toboq bir sovrinni bildirdi.

Hozir bir oz oʻzgacha...

Shu vaqt, chiroq ikki marta oʻchib yondi.

Odatda chiroqchi toʻydan biron nima umidvor boʻlsa, ana shunday hazillashadi!

Boʻri polvon toʻyxonadagilarga qichqirdi:
— Ay, kim bor! Anavi Nikolay chiroqchining qorni ochqabdi shekilli! Bir toboq palovga non bostirib ukkagʻarning ulushini eltib beringlar! Ay, Joʻraqulning uli, koʻp mudramay, olishga yaxshilab qarab oʻtir! Boʻlmasa polvon boʻlolmaysan!

Boʻri polvon bosh bakovul bilan kengashib, toboq qoʻydi. Davra oʻrtasiga ikkita matoni boʻlak-boʻlak uzatib tashladi. Har biroviga alohida-alohida ta’rif berdi:
— Xaloyiq, e’tiboringizni menga qarating! Mana, hoʻkiz toboq! Buni kim koʻtarsa, unga bir hoʻkiz, bir juft... Rais bova, kalish nechilamchi edi? Ha-e, xoʻ-oʻsh, bir juft ikkilamchi kalish, bir toʻn, oʻn soʻm pul qoʻyildi! Hoʻkiz boʻlgandayam soʻysa bir qishloqni toʻydiradigan hoʻkiz! Manavi gilam toboq! Bunga bir turkmancha gilam, bir uyqudan uygʻotadigan soat, oʻn soʻm pul qoʻyildi! Shunday gilamki, uyni toʻldiradi, chiroqda yalt-yult qiladi! «Sifat belgisi»; olgan, ha! Shundaymi, rais bova? Bali! Kimning koʻngli qaysi toboqqa chopsa, kelib koʻtara bersin! Armonda qolmang, toboqlarga qoʻyilgan zotlarni qaytaraman...

Davra birdan jonlandi. Polvonlar shivirlashdi. Oʻzaro maslahatlashdi.

Bir polvon davraga boshini kamtarona egib kelib, hoʻkiz toboqni koʻtardi.

Boʻri polvon toboq koʻtarmish polvonni barchaga tanitdi:
— Koʻryapsizmi, xaloyiq, polvonlarning yuragiga gʻulgʻula tushdi! Hoʻkiz toboqni shoʻrchilik Abray polvon koʻtardi!

Davrada gilam toboq qoldi.

Boʻri polvon xoʻjasoatlik polvonlarga qaradi.

Xoʻjasoatlik polvonlar 6u qarash ma’nosini tushundi. Gʻimirlab qoldi.

Shunda, Tilovberdi polvon kelib, gilam toboqni koʻtardi.
— Koʻrdingizmi, xaloyiq, — dedi Boʻri polvon, — gilam toboqni Tilovberdi polvon koʻtardi! Qani, toboqni koʻtargan polvonlarga talabgor boʻlsa, davrani bir aylansin, koʻraylik! — dedi.

Abray polvonga xoʻjasoatlik Jonibek polvon chiqdi. Talabgor davra aylanib, oʻzini koʻrsatib ketdi.

Termizliklar bir zoʻr polvonlarini asrab oʻtirib edi, shuni Tilovberdiga chiqardi.

Izidan shoʻrchilik Shodi polvon davraga chiqdi. Buyam Tilovberdiga talab qildi.

Boʻri polvon hayron boʻldi: birdaniga ikkita talabgor...

Xuddi shu yerda kelishmovchilik yuz berdi.

Termizliklar:
— Tilovberdi polvon bilan bizning polvon olishadi, u qurga birinchi boʻlib talab qilib chiqdi! — deb turib oldi.

Shoʻrchiliklar:
— Yoʻq, bizning polvon olishadi! - dedi.

Masala hal boʻla bermadi.

Shunda, shoʻrchiliklar oqsoqoli oʻrnidan turdi, soʻzni qalin-qalin qilib aytdi:
— Birodarlar, biz bosh toboqni qizgʻanayotganimiz yoʻq. Avvalo, gapni eshiting. Xoʻjasoatliklar oʻtgan hafta Shoʻrchidagi davrada bizning yagʻrinimizni yerga tekkizib keldi! Oʻz uyimizda yagʻrinimiz yerga tekkani polvonlarimizga k-oʻ-oʻ-oʻ-p alam qildi! Shu bois, biz belimizni besh joyidan boylab keldik!

Davrada gʻovur-gʻuvur boʻldi:
— Vo ukkagʻar shoʻrchiliklar-e, qoq miyadan oldi-ku!
— Bular boʻsh kelmaydi!

XXIX

Shunday qilib, Tilovberdi polvon bilan shoʻrchilik Shodi polvon olishadigan boʻldi.

«Menga daryoning naryogʻiyam bir, beryogʻiyam bir. Bari-bir oʻgʻlimdan zoʻri yoʻq, — dedi oʻzicha Boʻri polvon. — Lekin Shoʻrchida Abray degan bunday katta polvon yoʻq edi-ku? Bu kim boʻldi ekan? Yo, shoʻrchiliklar alamlarini olish uchun boshqa yoqdan polvon yollab keldilarmikin? Bunday voqealar koʻp boʻladi...»;

Boʻri polvon shoʻrchiliklar toʻpi roʻparasiga oʻtirdi. Past ovozda soʻradi:
— Inim, bu, Abray polvonlaringni eshitmagan ekanman, u kimlardan?
— Abraymi? Nasim polvonning uli boʻladi. Yaqinda armiyadan keldi.

Boʻri polvon birdan sergak tortdi. Javob bermish odamga tikildi-tikildi, ohista joyidan turdi.

Ajabtovur hislar ogʻushida qoldi. Xivich ushlagan barmoqlari qaltiradi. Xivich siquvida qahr boʻldi, nimadir qilishga chogʻlanish boʻldi. Titroq chap qoʻli, lablariga oʻtdi.

Davradan qanday chiqdi, bilmadi. Amir polvon yelkasiga qoʻlini qoʻydi. Ogʻir entikdi. Nimadir demoqchi boʻldi. Deyolmadi, tomogʻi qurib qoldi.

Amir polvon Boʻri polvon holini bildi. Darrov qoʻltiqlari ostidan oldi.
— Polvon bova, nima boʻldi? Tilovberdi, suv opke! — dedi.

Boʻri polvon sovigan choy ichdi. Entikdi. Lablarini yaladi. Jilmaydi.
— Qaridik, ukam, qaridik. Yurak yaramay qolyapti! — dedi. — Amir, sen berman ke.

Boʻri polvon Amirni qorongʻiga ergashtirib ketdi.
— Amir, menga qara, shu Abray deganiga bizning Tilovberdini chiqar, xoʻpmi?
— E, polvon bova, davra bilib qoldi-da?
— Yoʻq, sen gapga kir.
— Qiyin deyman-ov, shoʻrchiliklar koʻnmas-ov?
— Koʻnadi, ularga baribir...

Boʻri polvon davra sirtida turib qoldi. Oʻzini oʻnglab oldi.

Tagʻin davraga kirdi. Siniq ovozda jar soldi.
— Xaloyiq, eshitmadim demanglar! Hoʻkiz toboqni koʻtargan Abray polvonga Tilovberdi polvon chiqadigan boʻpti! Gilam toboqni esa Jonibek koʻtaradigan boʻpti. A? Endi, uyogʻini bilmadim, xaloyiq! Oʻzlari shunday fikrga kelibdi, bir bilganlari bordir-da!

Darhaqiqat, shoʻrchiliklar uchun baribir boʻldi. Boisi, Tilovberdi-da, Jonibekda davra egalari boʻldi.

Davraga birinchi boʻlib Shodi polvon bilan Jonibek polvon chiqdi.

Jonibek polvon Shodi polvonni birinchi qoʻldayoq chap oyogʻiga sirtidan ildirib koʻtarib, toʻlgʻab urdi.

Gilam Jonibek polvonda ketdi.

XXX

— Qani, endi davraga hoʻkiz toboqni koʻtargan polvonlar chiqsin!

Boʻri polvon shunday deya, davra aylandi. Koʻz ostidan Nasim polvonga tikildi.

«Nasim oshna, oʻgʻlingga bir ogʻizgina chiqma, u Boʻri bobongni oʻgʻli ekan, demading-a, — deya, ich-ichidan oʻpkalandi. — Demaysan, deyolmaysan. Chunki sen oʻsha Nasimsan... Sendan bunday gap chiqmaydi. Mana hozir bilasan, sening farzanding kimu mening farzandim kim...»;

Nasim polvon toʻgʻrisida oyoq ildi. Soqolini siladi. Tomogʻini qirdi.

«Meni bir umr magʻlub etdim, qoyil qildim deb yurib edingmi? Oshna, adashasan»;.

Boʻri polvon Nasim yuzlarida biron-bir oʻzgarish koʻrmadi. Bundan haminqadar gʻashi keldi.

«Koʻp qayqayma, sening bu oʻtirishing zoʻrma-zoʻrakilik, iljayishing chidayolmaslik. Bilaman, ich-ichingdan zil ketyapti. Hozir koʻrasan, mening kim ekanimni. Oldingdan salom berib oʻtaman...»;

XXXI

Boʻri polvon xayol bilan andarmon boʻlib qoldi. Bunday qaradi, davrada haliyam polvonlar boʻlmadi.
— Ay polvonlar, chiqinglarda endi, davra mahtal boʻp qoldi! — dedi.

Nasim polvon tarafdan Abray, roʻparoʻ tarafdan Tilovberdi polvon davraga tushdi.

Tilovberdi polvon qoʻlini koʻksiga qoʻydi. Abray polvonni oldinga taklif etdi.
— Qani, polvon, torting! — dedi.

Abray polvon Tilovberdi polvonga yoʻl berdi.
— Yoʻgʻ-e, yoʻl boshi sizdan, polvon! — dedi. Tilovberdi polvon oldinda yurdi. Abray ketidan ergashdi.

Boʻri polvon shuni, aynan shuni kutdi. Yuzlarida tabassum oʻynadi. Olisroqda boʻlsa-da, Nasim polvonga tagʻin qaradi.

«Koʻrdingmi, Nasim oshna? Oʻgʻling mening oʻgʻlimdan oldinda yurishga yuragi dov bermadi. Mening oʻgʻlim hamisha birinchi...»;

Boʻri polvon oʻgʻillarni bir-biriga qiyosladi. Ayniqsa, Abray polvonning sin-simbatiga sinchiklab-sinchiklab tikildi.

«Momoqizning oʻgʻli xushsuvrat yigit boʻpti. Ammo Momoqizga oʻxshamaydi. Otasiga tortibdi. Nasimning oʻziyam husndor edi-da. Faqat burnining puchuqligi Momoqizga kelbat beradi...»;

Boʻri polvon soqoli uchini buklab tishladi. Sezilar-sezilmas bosh irgʻadi.

«Bordi-yu, Momoqizga yetganimda, shu Abray polvon mening oʻgʻlim boʻlardi...»;

Abray polvonga suqim kirmasin deya, nazarini quvdi, yon-veriga tufladi:
— Tuf-tuf-tuf!..

XXXII

Polvonlar qoʻl berib koʻrishdi.

Tilovberdi polvon jelaklari oʻngirini ketiga surdi. Yenglarini xiyol tortdi. Barmoqlarini tili bilan hoʻlladi. Oʻynab-oʻynab, Abray polvonga qarab bora berdi.

Abray polvon koʻzlari qarshisida mardona oʻynayotgan barmoqlar orasida hech nimani koʻrolmadi. Koʻzlari pir-piradi. Keyiniga tisarildi.

Tilovberdi polvon Abray polvon koʻzlariga tikildi: Abray polvon koʻzlari hayiqdi! Ana endi hamlaga oʻtsa boʻladi!

Tilovberdi polvon oʻng qoʻli bilan Abrayning yoqasidan ushladi. Ichidan chil berdi. Shiddat bilan ketiga surdi.

Abray polvon ketiga seltanglab-seltanglab bordi. Kimningdir fonusiga qoqilib ketdi. Odamlar ustiga chalqancha tushdi.

Tilovberdi polvon yiqitdim deya, qoʻllarini koʻtardi.

Nasim polvon qabatidagilardan tashvishli ovozda soʻradi:
— Nima boʻldi-a, nima boʻldi?

Nasim polvonning ovozi juda xasta boʻldi, faqat koʻzi ojizlarga xos ovoz boʻldi.

Xoʻjasoatliklar Tilovberdi polvonni olqishlab qichqirdi:
— Hal-o-o-ol!
— Tilovberdi polvonning haqi berilsin!
— Xayriyat, odamlar ustiga tushdi, agar shu zarb bilan yerga tushganda ichagi uzilardi!

Tilovberdi polvon bakovul qoshiga choʻkkaladi.

Boʻri polvon yuzlarida kuvonch ifodasi koʻrinmadi. Vagʻir-vugʻur qilayotgan hamqishloqlariga amirona qoʻl siltadi.
— Xaloyiq, jim! — dedi. — Koʻp javramang, jim boʻling! Xaloyiq, davradagi Boʻri polvon soʻzim: Tilovberdi polvon Abray polvonni yiqitolmadi!

Qoni tez xoʻjasoatliklar bidillab ketdi:
— E, koʻying-e, polvon bova, chalqayramon tashladi-yu!
— Bundan ziyod qanday yiqitib boʻladi!
— Yo yerga kirgizib yuborsinmi!
— Xaloyiq, soʻzlab boʻldingizmi? — dedi Boʻri polvon. — Ay, Mengtoʻra xalfa, gapni boʻlmay turing, baraka toping! Qaytarib aytaman. Tilovberdi polvonning yiqitgani bekor!
— Nimaga bekor boʻlar ekan?
— Chunki u, odamlar ustiga yiqitdi! — dedi Boʻri polvon.
— Sizga baribir emasmi, qaerga yiqitgani!
— Yoʻq! Polvon polvonni osmonning koʻkiga otsayam bekor! Polvonmisan — yerning ustiga yiqit! Qani, boshqatdan olishinglar!
— Tavba, tagʻin ota emish bu odam!

Tilovberdi polvon otasiga oʻqraydi. Qobogʻini uydi. Tagʻin davra aylandi.

Boʻri polvon bildi, oʻgʻli undan norozi boʻldi.

«Uh, qaniydi oʻgʻli hozir yiqitgan boʻlsa! Oʻgʻli buni bilmaydi-da! Bilmagani yaxshi...»;

XXXIII

Boʻri polvon oʻgʻliga nimadir demoqchi boʻldi...

Ha, aytganday, Boʻri polvonning koʻpni koʻrgan koʻzlari bir nimani sezib qoldi: Abray polvon koʻkragini berib olishdi.

Boʻri polvon bunday vaziyatlarda yoqadan qoʻshqoʻllab ushlaydi. Tik turgancha birdan yagʻringa oladi. Shunda, gʻanimi albatta yulduz sanaydi...

Abray polvon ana shunga juda oʻng keladi! Oʻgʻli shuni sezdimikin? Aytsamikin? Aytgan bilan qiyin-ov, Tilovberdining oʻngi yagʻrin emas.

Boʻri polvon oʻgʻliga razm soldi.

Oʻgʻli qoboq-tumshugʻi osilib davra aylandi.

Abray polvon oyoqlarini choʻqqa tobladi.

Boʻri polvon ana shundan foydalandi. Oʻgʻlini imladi. Qorongʻiga olib bordi. Oʻgʻli yelkasiga qoʻlini qoʻydi.

Tilovberdi otasi qoʻlini pastga tushirib tashladi. Yuzini teskari oʻgirdi.
— Nimaga iddao qilasan? — dedi Boʻri polvon. — Nima, haromni halol deb imonimdan kechayinmi? Polvon boʻlsang halol yiqit! Koʻp tersayma! Sezdingmi, Abray koʻkraklarini berib olishyapti! Yoqasidan juft qilib ushlab, tikkasiga yagʻringa ol-chi. Magaram, oshib ketsa! Olayotganingda yo, otamning piri, de! Tayin ayt, bor...

Boʻri polvon oʻgʻlining yelkasiga qoqib-qoqib davraga yubordi.

XXXIV

Tilovberdi polvon tagʻin oʻynab-oʻynab hamlaga oʻtdi. Abray polvon odamlar ustiga yiqilib, yuragini oldirib qoʻydi.

Tilovberdi polvon jon-jaxdi bilan hamlaga oʻtib edi, tagʻin keyiniga tisarildi. Tilovberdi polvon yoqasiga qoʻl uzatib edi, bilagiga urib tashladi, yoqasidan ushlatmadi.

Tagʻin odamlar ustiga keldi. Shunday katta davra, torlik qilib qoldi!

Odamlar fonuslarini koʻtarib, oʻrinlaridan turib ketdi.
— Ay-ay, oʻrtaga borib olishinglar, oʻrtaga! — dedi. Polvonlar bir-birini tinmay ta’qib etib, oʻrtaga yurdi.

Abray polvon Tilovberdi polvon oyoqlariga hadiksirab-hadiksirab qaradi.

Tilovberdi polvon Abray polvon koʻzlariga tik bokdi. Payt poyladi. Otasining san'atini qoʻllash yoʻlini oʻyladi.

Oʻyladi-oʻyladi, yuragi dov bermadi.

Otasi oʻngi yagʻrini boʻldi, bolasi oʻngi uchchosi boʻldi.

Qiyin, otalar san'atini ishlatish qiyin!

Boʻri polvon zoʻr armon bilan, zoʻr afsus-nadomat bilan bosh chayqadi.

Ay, yigitlik davri, yigitlik davri-ya!..

Tilovberdi polvon yanada shiddat bilan hamlaga oʻtdi.

Oyoqlarini kerib tashladi. Qulochini keng yoydi.
— Hah-hah-hah! — deya, ayqirib-ayqirib bordi. Abray polvon ketiga tisarila boshladi. Tisarilayotganda oʻzini birdan orqaga ololmadi. Xususan, chap oyogʻi oldinda qolib keta berdi.

Tilovberdi polvon ana shu vaziyatni bilib qoldi. Ammo oʻzini bilmaslikka oldi. Abray polvon koʻzlariga tik boqib bora berdi.

Shu holat tagʻin takrorlandi.

Ana shunda Tilovberdi polvon epchillik bilan Abray polvon bilagidan ushladi. Chap oyogʻiga oyogʻini ildirib, oʻziga tortdi. Qoʻlini yonboshiga bosdi.

Abray polvon chap yagʻrini bilan yiqilayotib, qoʻlini tortib qoldi.

Oqibat, oyogʻi koʻtarilib, koʻkraklari bilan tushdi. Joyidan irgʻib turib ketdi.

Jimjit boʻlib qolmish davra bir qalqib tushdi.

Yuzlab yuraklar baravariga:
— U-u-uh! — deb yubordi.

Bu — stadiondagi futbol ishqibozlarining toʻp darvoza yonginasidan oʻtib ketgandagi uqiga oʻxshadi!
— Uff, boʻlmadi, boʻlmadi!
— Qoʻlini ushlab qololmadi!
— Shoshayapti shekilli!
— Yoʻq, barmoqlari yaxshi ushlolmayapti!
— Unda, ana, suv bilan hoʻllasin!

XXXV

Polvonlar bosh bakovul oldida ogʻizlarini suv bilan chayqadi. Qoʻllarini suvlab hoʻlladi.

Polvonlar olishi bor-yoʻgʻi bir necha daqiqa davom etdi. Shugina vaqtda gʻarq terga botib qoldi.

Ayniqsa, Tilovberdi polvon yuzlaridan ter seloba boʻlib oqdi.

Tilovberdi polvon endigi olishda Abray polvonni taniyolmadi.

Abray polvon haligina chekinayotgan Abray polvonga oʻxshamadi! Dadil boqayotgan koʻzlari goʻyo kel, kela ber, olishni ana endi koʻrasan, deyayotganday boʻldi!

XXXVI

Tilovberdi polvon gʻolibona yurishda davom etdi.

Oʻng oyogʻini lapanglatib-lapanglatib olgʻa tashladi. Ba’zan, haddan ziyod olgʻa tashlab yubordi. Shunda, gavdasi orqada qolib-qolib ketdi.

Abray polvon sezdi! Ammo Tilovberdi oyogʻiga atayin qaramadi! Koʻzlariga tik boqib, bora berdi. Bor diqqat-e’tibori esa oyogʻida boʻldi.

Boʻlajak vaziyat toʻlishib kelajak sayin koʻzlari yanada besaranjom boqdi, yanada bejo bokdi.

Xoʻjasoatliklar Tilovberdi polvon beparvoligi oqibatida roʻy berayotgan nozik vaziyatni koʻrib turdi. Ammo Tilovberdi polvonni ogoh qilishga jur'at etolmadi.

Ehtimol, koʻzlari tik boqayotgan Abray polvon bu vaziyatni payqamayotgandir? Bordi-yu, ovoz bersalar, Abray polvon bilib qolmaydimi?

Xoʻjasoatliklar ana shu tashvishda miq etmay oʻtirdi.

Jumladan, Boʻri polvonda miq etmadi.

Shoʻrchiliklar-chi? Bu vaziyatni shoʻrchiliklarda payqadi. Ammo ularda tashvishda qoldi.

Aytib qoʻysalar, Tilovberdi polvon oyogʻini tortib olmaydimi? Qopqonga ilinayotgan oʻljani hurkitib yubormaydimi?

Qaltis vaziyat boʻldi!

Davra nafasini yutdi.

Tevarak suv sepganday jimjit boʻldi.

Faqat Tilovberdi polvon bilan Abray polvon nafasi eshitildi.

Polvonlar bir-birini ruhan arbadi!

XXXVII

Boʻri polvon davra chetida chordana qurdi. Oʻzini, jamiki olamni unutdi.

Favqulodda seskandi. Yon-veriga alangladi. Somon orasida qorayib turgan gilosday toshni oldi. Goh oʻng, goh chap kaftiga olib oʻynadi. Misoli olma oʻynadi. Keyin, oʻzidan xolisga otib yubordi.

Qoʻynidan tasbehini oldi. Donalab-donalab tasbeh agʻdardi.

Shiq!

Ichida kalima qaytardi. Oʻng kaftini yuziga tortdi. Boshi chapga xiyol qiyshaydi. Oʻgʻlining lapanglayotgan oyogʻidan koʻz uzmadi.

«Oʻgʻlim, oyogʻingni ol!»;

Shiq!

Boʻri polvonni zoʻr hadik bosdi. Qaddi tobora choʻkib bordi.

Tomogʻini qirdi. Ovozini yolgʻiz oʻzi eshitdi. Ogʻzini angraygannamo ochdi.

«Oʻgʻlim, senga aytaman!»;

Shiq!

Yoʻq, zafarli yurishlarga oʻrganib qolgan otasining oʻgʻli oyogʻini olmadi. Aksincha, xuruj qilib bora berdi!

Shiq!

«Oʻgʻlim, oyogʻingni ol, ol!»;

Shiq!

Abray polvon Tilovberdi polvon koʻzlaridan koʻz olmadi. Koʻz ayirmadi.

Tilovberdi polvon oyogʻi yerga tekkunicha, zarb bilan qoqib yubordi.
— Xap-a-a-a! — deya ayqirdi.

Hayqiriq nihoyasiga yetmayoq, Tilovberdi polvon ikki yagʻrini bilan gupillab tushdi!

XXXVIII

Otasining oʻgʻli dangal yiqildi!

Shunday zarb bilan yiqildi, shunday zarb bilan yiqildi! Zarbidan sapchib turib ketdi!

Abray polvon qoʻllarini osmonga choʻzib irgʻishladi. Davrani aylanib chopdi.

Shoʻrchiliklar oʻrnidan turib ketdi. Birovlari telpagini osmonga otdi. Birovlari quchoqlashib ketdi.

Abray polvon bakovul oldiga choʻkkaladi.

Bakovul Abray polvon yelkasiga toʻn yopdi.
— Hoʻkizni toʻyxonadan olasiz, — dedi.

Abray polvon toʻnni baland koʻtardi. Davrani tagʻin bir aylanib chopdi.

XXXIX

Shiq!

Boʻri polvon qoʻlidagi tasbeh yerga tushdi.

Koʻzlari yumildi, boshi orqaga xiyol chalqaydi.

Keyin, oʻzini oʻnglab oldi. Nasim polvonga qaradi. Mungʻayib-mungʻayib qaradi.

Nasim polvon iljaydi, Nasim polvon tantana qildi!

Boʻri polvon boshini xam qildi.

Yerda kulcha boʻlib yotmish tasbehini oldi. Ohista qoʻzgʻoldi.

Davradan enkayib-enkayib chiqib ketdi.

Davra sirtida kiyinajak oʻgʻli ovozini eshitdi.

Oʻgʻli yigʻlab-yigʻlab aytdi:
— Men yiqitganda gʻirrom dedi, mana oqibati! Otamiz niyatiga yetdi! Otamiz bor ekan, bizga gʻanimning keragi yoʻq!..

Boʻri polvon oyoq ildi. Nimadir demoqchi boʻldi. Ammo soʻzlashga madori yetmadi.

Ohista-ohista odimladi. Qorongʻilikka kirib ketdi. Duch kelmish gʻoʻzapoya uyumiga chiqdi. Yelkasidan nafas oldi.

«Qorongʻi qanday yaxshi, odamlar koʻrmaydi...»;

Choʻnqayib oʻtirdi. Keyin, yonboshladi. Telpagini ketiga surdi. Titrayotgan barmoqlari tasbeh donalarini sur'at bilan sanadi: shiq, shiq, shiq...

Davra tarafdan ovozlar keldi:
— Davraga duo bersayam boʻlar edi, polvon bova qayoqqa ketdi-a?
— Chaqiringlar, shu yaqinda boʻlsa, ovoz beradi!
— Boʻri polvon-o-o-o!
— Uyiga ketdi shekilli!
— Unda, rais bova, siz duo bering!
— Yoʻgʻ-e, chollar bor-ku. Qani, Mirza bova!
— Qani, ilohi omin, yurtimiz hamisha tinch, obod boʻlsin, polvonlarimizning beliga quvvat bersin, sochilgan rizq-roʻzimizni terib yeb, yanagi davralargacha oʻynab-kulib yuraylik, ollohu akbar!

XL

Odamlar fonuslari piligini koʻtarib, uylariga yoʻl oldi.

Hovlilarda itlar hurdi.

Chiroqlar uch marta oʻchib yondi: chiroqchi toʻy xizmatchilarini ogohlantirdi.

Xizmatchilar choʻgʻni tepkilab oʻchirdi. Xizmatchilar ketdi.

Oy shom yedi.

Boʻri polvon kampiri alagʻda boʻlishini oʻylab, oʻrnidan qoʻzgʻoldi. Timirskilanib, pastladi.

Chiroqlar ostida bir odam hamon oʻtirdi. Tanimadi. Koʻzlari yorugʻda qamashdi. Kaftini peshonasiga soyabon qilib qaradi.

Nasim polvon qappaygan tugun ustida choʻnqayib oʻtirdi. Yolgʻiz oʻzi oʻtirdi. Hamrohlari davrada ayirgan mollarini olib kelish uchun toʻyxonaga ketibdi shekilli.

Nasim polvon yuzlarida gʻoliblik kayfiyati!

Nasim polvon roʻparasida paydo boʻlmish sharpani sezdi. Qoʻllarini olgʻa choʻzdi. Barmoqlarini qimirlatdi.
— Abray, keldilaringmi? — dedi.

Boʻri polvon Nasim polvon barmoqlariga tikildi-tikildi... Koʻngli yumshab ketdi. Ruhiyatida iliqlik, rahmdillik paydo boʻldi.

Nasim polvonni bagʻriga bosgisi keldi. Soqollariga peshonasini suykagisi keldi.

Bir qadam bosib, oyoq ildi.

«Yoʻq-yoʻq! Aslo-aslo! — dedi. — Men Boʻri polvon boʻp tugʻildim, dunyodan Boʻri polvon boʻp oʻtaman!»;

Boʻri polvon yoʻliga burildi. Nimqorongʻilikda oyoq ildi. Turdi-turdi, tagʻin qaytib keldi...

XLI

"Aytganday, Nasim oshna... Bizning Momoqiz omonmi? Tani joni sogʻmi? Oʻynab-kulib yuribdimi? Vaqti xushmi? Uyam qaridimi?

Oshna, Momoqizda qaridimi? Uyam qaridimi? Momoqiz-a?

Oshna, men Momoqiz qariganiga ishonmayman. Xayolimda Momoqiz haliyam oʻsha-oʻsha, Holvachining qirlarida yurganday boʻladi...

Nasim oshna, mabodo sen Momoqizning koʻnglini ogʻritmadingmi? Momoqizni xoʻrlamadingmi?

Abraydan boshqayam farzandlaring bormi? Boʻlsa, nechov?

Mendan soʻrasang, oshna, Tilovberdining onasi bilan totuv yashayapmiz. Qizdan qizim, oʻgʻildan oʻgʻlim bor.

Yaratganning oʻziga shukur!

Qizlarimdan nevaralarim koʻp. Qizlarimning ota, deganini eshitib bir suyunsam, nevaralarimning bobo, deganini eshitib ikki suyunaman.

Hademay Tilovberdining boshinida ikkita qilaman.

Yaratganga ming qatla shukur, birovdan kam joyim yoʻq!

Umrim xalqqa xizmat qilib oʻtdi, oshna!

Yigirma yildan oshiq rais boʻldim, oshna, yigirma yildan! Bir kolxozda shuncha yil uzluksiz rais boʻlish aytishga oson!

Oshna, davralarni qanday boshqargan boʻlsam, kolxoznida shunday boshqardim!

Kattalar raisligimdan minnatdor boʻldi. Yoʻldosh Oxunboboev shaxsan oʻzi kelib, yelkamga qoqdi! Shaxsan oʻzi kelib, koʻkragimga nishon taqdi!

Shunda, aytayinmi, Oxunboboev nima dedi? Barakalla, polvon rais, barakalla, dedi! Ha, qayta-qayta aytdi!

Oshna, Oxunboboev hamma raisningda yelkasiga qoqa bermagan! Oxunboboev hamma raisgada barakalla, deya bermagan!

Ishonmasang, ana, Qobil shoʻrodan soʻra!

Oʻziyam, yigitmisan-yigit edim-da, oshna. Mening kimligimni kunduzida bilsa boʻlardi, kechasida bilsa boʻlardi.

Bir yili Toshkentdan Tamaraxonim keldi. Kolxozimiz ilgʻor edi-da. Oy bitsa-da, kun bitsa-da, bizning kolxozimizga bitsin edi-da.

Qoloq kolxozga Tamaraxonim kelarmidi!

Hovuz boʻyida oʻyin-kulgi boʻldi.

Sozandalar soz chaldi, hofizlar xonish qildi, raqqosalar xirom etdi.

Oy qayragʻochlar orasidan moʻralab-moʻralab turdi.

Tamaraxonim davra oxirida oʻynadi. Gir-gir aylanib oʻynadi!

Tamaraxonim oʻzi lapar aytib, oʻzi oʻynadi!

Shunda, Qobil shoʻro oʻzidan ketib qoldi: serjun koʻkraklarini ochib yubordi. Jundor koʻkraklariga gurs-gurs mushtladi.
— A-a-ay!..— deya qiyqirdi. Belidan belbogʻini olib oldiga yoydi.

Samad hosilot boʻlsa, joʻshgandan-joʻshdi. Quchogʻini katta-katta ochdi. Qoʻllarini burab-burab... oʻtirgan joyida oʻynab qoʻya berdi!
— Ha, jo-o-on! — deya zavqlana-zavqlana qiyqirdi. Hosilotda oldiga belbogʻini yoydi. Tamaraxonim lapar aytib oʻynay berdi.
— Boʻyingdan-e!..— deya lapar aytdi. Barchadanda Bakir mirobga xoʻp nash'a qildi. Mirob ketiga chalqayib-chalqayib kuldi, koʻkragiga shapatilab-shapatilab kuldi. Tamaraxonim:
— Boʻyingdan-e, boʻyingdan-e!..— deya naqarot qildi. Shunda mirob:
— Boʻyimdan-ay, hay, boʻyimdan-ay!..— deya, oʻtirgan yerida liklik oʻynab qoʻya berdi!

Bakir mirobda oldiga belbogʻini yoyib qoʻydi. Kattalar manmansiradi!

Tamaraxonimni oʻz roʻmollariga bir, aqalli bir... choʻkkalatgilari keldi!

Tamaraxonim boʻlsa, roʻmollarga qiyoda boqmadi!
— Boʻyingdan-e!..— deyishini qoʻymadi. Tamaraxonim oʻynab-oʻynab, mening peshonamga keldi.

Shundaygina peshonamda xirom etdi!

Men orlanib-orlanib, yerga qarab turdim.

Tagʻin, Tilovberdining onasi anggʻib turgan boʻlsa-ya, deya, yer ostidan davraga ser soldim.

Yoʻq, onasi yuziga koʻzim tushmadi.

Shunday boʻlsa-da, Tilovberdining onasidan uyatdir-e, deya, yerga qarab tura berdim.

Shunda davra:
— Belbogʻni yoying, Boʻri polvon, belbogʻni yoying! — deb qoldi.

Belimdan belbogʻimni qandayin oldim, yerga qandayin yoydim... oʻzimda bilmadim!

Shunda... shunda, Tamaraxonim belbogʻimga choʻk tushdi!

Tamaraxonimdan boychechak isi keldi!

Tamaraxonim shundaygina peshonaginamda muqom etdi! Shundaygina belboqqinam ustiginasida muqom etdi!

Tamaraxonim yelkalarini oʻynatdi, koʻzlarini qisdi, qoshlarini uchirdi!
— Boʻyingdan-e!..— deya avj qildi. Boʻldi kulgi, boʻldi qiyqiriq!

Nasim oshna, Tamaraxonim hammagada muqom qila bermagan, ha! Lekin... Nasim oshna, bir gap aytsam birovga aytmaysanmi?

Oshna, Momoqiz hamon koʻz oldimdan ketmaydi...

Odamda pokdomon tuygʻular koʻp boʻladi, soʻnmas tuygʻular koʻp boʻladi...

Bari-bari oʻz yoʻliga boʻladi!

Ammo birinchi... birinchi koʻngil!..

Nasim oshna, men birinchi koʻngildan iffatlisini koʻrmadim, birinchi koʻngildan soʻnmasini koʻrmadim!

Oshiq umrim mobaynida juda koʻp qizlarni koʻrdim.

Tagʻin, gapimni yomon tarafga burma, senda shunday fe’l bor...

Men qizlarni koʻchalarda, teatrlarda koʻrdim, toʻy-ma’rakalarda, kinolarda koʻrdim. Bari kizlar xushroʻy-xushroʻy...

Ayniqsa, hind kinolaridagi qizlar! Suv bilan yutguday qizlar! Suluv-suluv qizlar!

Hind qizlarining qoshlari oraligʻida xol, yonoqlarida xol, iyaklarida xol!

Hind qizlari toʻlgʻonib-toʻlgʻonib, eshilib-eshilib oʻynadi!

Men ana shunda, oʻzimizning yoshligimizni oʻyladim. Momoqizni oʻyladim...

Intiq boʻldim, hind kinolaridan Momoqizni izladim, Momoqiz yoʻq...

Hind qizlari har qancha eshilib oʻynasa-da, toʻlgʻonib oʻynasa-da, baribir... baribir, Momoqizga kelbat bermadi. Hind qizlarida Momoqiz boʻlolmadi.

Nasim oshna, hind qizlarida Momoqizning oldidan oʻta bersin!

Oshna, Tilovberdining onasigada koʻnglim ketib uylandim. U... u, Momoqizdanda xushroʻy...

Oshna, uyam Momoqizning oldidan oʻta bersin!

Nasim oshna, men Momoqizdan ulugʻini koʻrmadim!

Har er koʻngilning qiz koʻngilga aytajak gaplari boʻladi. Koʻnglida shu gapi boʻlmagan yigit — yigit emasdir! Shu gapni qaysidir yigitdan intizor boʻlib kutmagan qizda — qiz emasdir!

Dunyoga keldim, deb yurmasinlar!

Birov, bu gapni bir soʻz bilan aytadi. Birov, koʻp soʻz bilan aytadi. Tagʻin birov, aytolmay qoladi...

Nasim oshna, men oʻz gapimni Momoqizga aytolmay qoldim!

Ammo oʻz umrimdan oʻzim shukur qilaman, oshna.

Boʻri polvon, sen yigit boʻlib eding, ana, birinchi koʻngling bor, deyman.

Boʻri polvon, sen oshiq boʻlib eding, ana, birinchi koʻngling bor, deyman.

Nasim oshna, Momoqiz haliyam koʻnglimning tub-tubida yashaydi. Uni birovda bilmaydi. Hatto, Tilovberdining onasida bilmaydi...

Men Momoqizni uyqularimda koʻraman: u jilmayib-jilmayib qarab turadi...

Koʻzlarimni ochaman: uy zimiston boʻladi.

Tevaragimni paypaslayman: qabatimda Tilovberdining onasi yotgan boʻladi.

Ay, onasi, tur, Momoqiz keldi, degim keladi.

Ay, onasi, tur, men Momoqizni koʻrdim, degim keladi.

Demayman, demayman!..

Sahargacha Momoqizni oʻylab yotaman, tagʻin kelar degan umidda koʻzlarimni yumib qarayman. Yoʻq, Momoqiz endi kelmaydi...

Saharmardondan toʻriqni minaman. Oʻzimizning qirlarga yoʻl olaman!

Hayrondaradan ot solaman!

Bizning gʻallazorlar yoʻq. Endigi Hayrondara boshdan-oyoq paxtazor...

Suv tarayotgan suvchilar, yoʻl boʻlsin, deydi.

Men, shunday, toʻriqni sovutib yuribman, deyman.

Men toʻriqni emas, oʻzimni sovutib yurganimni suvchilar bilmaydi...

Holvachiga ot qoʻyib chiqaman!

Tevarakka alanglayman: oʻsha-oʻsha oʻzimizning qirlar...

Ukkagʻar qirlar hamon yuksak-yuksak!

Tovatoshlar yonalarda yiqilay-yiqilay deya omonat turadi. Toshlar kichrayib qolganday tuyuladi. Yo, otdaligim uchun shunday tuyuladimi, bilmayman.

Chanalar yoʻq, endi kombaynlar bor.

Toʻrgʻaylarda siyraklab qolibdi. Unda-munda bir chuldiraydi, boʻldi.

Jonivorlar texnikani xush koʻrmaydi-da...

Oʻsha-oʻsha... faqat, Momoqiz yoʻq!

Toʻriq yerdagi xaslarga uzaladi.

Men jilovni qoʻyib yuboraman.

Telpagim ogʻirlik qilayotganday boʻladi. Ohista ketimga surib qoʻyaman.

Qoʻlim yuzi bilan peshonamni artaman. Peshonam hoʻl, taftli...

Ogʻir xoʻrsinaman. Yelkalarim bir hurpayib tushadi.

Qamchili qoʻlimni chap sonimga qoʻyaman.

Olis-olislarga qarayman...

Nahorning muloyim shamoli soqolimni silaydi!

Olislar koʻzimni toldiradi. Boshimni quyi egaman. Egar qoshiga termulib qolaman.

Egar qoshida olislab boradi. Oppoq tumanda chayqalib-chayqalib boradi. Bora-bora, koʻrinmay qoladi. Tuman suyuq...

Hayron boʻlaman. Barmoqlarim bilan paypaslayman. Yoʻq, egar qoshi joyida boʻladi.

Qiprik qoqaman. Bor es-hushim bir qalqib tushadi, koʻnglim bir qalqib tushadi. Ogʻir-ogʻir tosh gurs-gurs yumalaydi.

Egar qoshini koʻraman, qoʻlim yuzidagi tomchilarni koʻraman...

Koʻnglimdagi ogʻir tosh ana shu tomchilar bilan oqib tushadi!

Ay, a-a-ay!..

Qamchili qoʻlim tomchilarni artadi. Ammo foydasiz boʻladi. Xiyol oʻtmaydi, tomchilar bu qoʻlimgada tomadi.

Tomogʻimga nimadir tiqiladi. Yutinayin deyman. Boʻlmaydi, boʻlmaydi...

Boʻri polvonday odamda yutinishga darmon yoʻq!

Ay, a-a-ay!..

Toʻriq hadik oladi. Jimiyib-jimiyib, boʻynini gajak-gajak qiladi.

Men toʻriq boʻyniga suyanaman. Barmoqlarim bilan yollarini tarayman. Toʻriq boʻynini quchoqlayman. Yollariga yuzlarimni suykayman...

Ay, a-a-ay!..

Shunda... shunda, olis-olislardan rubobiy qoʻshiq keladi, rubobiy qoʻshiq!

Men sergak boʻlaman. Ohista-ohista qaddimni rostlayman.

Qoʻshiq tobora yaqin-yaqin keladi. Bora-bora, qirni qoʻshiq oladi.

Men rubobiy qoʻshiq qoʻynida qolaman!

Koʻnglim qoʻshiqqa toʻladi! Limmo-lim!

Yayrab ketaman! Olislarga termulaman — kulaman, olislarga termulaman — tagʻin kulaman!..

Koʻnglim tomchilashini qoʻymaydi, men — kulishimni!

Oshna, men oʻzimizning qoʻshiqni eshitaman, oʻzimizning!

Momoqiz qoʻshiq aytadi, Momoqiz!

Qizlar joʻr boʻladi!

Nasim oshna, men ana shunda Momoqizni koʻraman!

U, oʻroq oʻrib-oʻrib... roʻmolining uchi koʻkragiga tushib-tushib... uni tagʻin yelkasiga tashlab-tashlab... menga qiyo boqib-boqib... Zulflarini toblab-toblab... Ham iboli, ham ginali kulib-kulib... qoʻshiq aytadi!"

XLII

Boʻri polvon koʻngli toʻlib-toʻlib keldi.

Koʻngli toʻridan nimalardir oʻksib-oʻksib kela berdi. Oʻksik zarbidan yelkalari silkina berdi.

Yonoqlaridan marjon-marjon yoshlar oqdi.

Ohlar — yurakdan, yoshlar — koʻzdan boʻla berdi...

"Nasim oshna, mening sendan oʻzgada oshnalarim koʻp. Bari tirikchilik yuzasidan. Sendan ugina, mendan bugina qabilida.

Oshna, bolalik oshnaga... bolalik oshnaga kelmaydi!

Oshna, toʻylarimda, betob boʻlib qolganlarimda seni koʻp yodladim. Ayniqsa, burnogʻi yili koʻp qoʻmsadim. Boisi, ana ketdim, mana ketdim, boʻlib qoldim-da.

Barcha-barcha keldi. Gʻanimlarimda keldi. Koʻngil soʻrab ketdi.

Sen boʻlsang, kelmading. Mabodo kelsang, halak boʻlarding: baribir gap qoʻshmas edim!

Nasim oshna, koʻzimga koʻrinib, yaramni yangilading. Yana-tagʻin, oʻgʻlimnida yiqitding.

Bilib qoʻy, oshna... izingdan surganim-surgan! Qaerda davra boʻlsa, izingdan quvib boraman!

Tilovberdini oʻgʻling bilan uch safargacha olishtiraman. Bordi-yu, uch martasidada oʻgʻling oʻktam kelsa... unda, na iloj, uchdan keyin puch...

Baribir qoʻymayman! Ana, nevaralarim bor! Nasib boʻlsa, nevaramni nevarang bilan olishtiraman!

Ishonchim komilki, nevaram bobosining orini oladi!

Sen koʻrmayapsan, oshna, oy botib, yulduzlar soʻnib-soʻnib borayapti.

Oʻgʻlim oʻktamligida yulduzlar yongani yongan boʻldi. Oʻgʻlim magʻlubligida soʻngani soʻngan boʻldi...

Har bandaning koʻkda oʻz yulduzi boʻladi, oshna. Shu yulduzning yongani — shu bandaning yonganidir. Shu yulduzning soʻngani — shu bandaning soʻnganidir.

Yoʻq, oshna, yoʻq!

Yulduzim hali yonadi! Davralarim hali davom etadi!

Nevaralarim davralarda:
— Yo, bobomning piri! — deya ayqirib-ayqirib olisha beradi!

Yulduzim mangu yonadi!"

XLIII

Toʻyxona eshigi tarafdan odam ovozi eshitildi. Qoʻy ma’rashi eshitildi.

Boʻri polvon yoʻliga burildi.

«Xoʻsh de, Nasim oshna, xoʻsh de. Xudoning panohiga...»;

1976

  1. Xon, oy, gul ma’nosida.
  2. Olisdan kelmishlar koʻngan xonadon.
  3. Hadis (kuch sinashish).
  4. Ikki polvon baravar yikilsa, ikkovida gʻolib boʻlmaydi.
  5. Davrani qoyil qilgan gʻolib.
  6. Hoʻkizlarni matab xirmon yanchish.
  7. Termizdagi jinnilarni davolaydigan dargoh.