OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Tohir Malik. 112-qabr (hajviya)
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomi112-qabr (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm31KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/05
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





112-qabr (hajviya)
Tohir Malik

«
Uch hangomadan iborat dahshatsiz bayon
»

Omma, koʻp gʻashimga tegding-da, sen bola. Nechun qitmirlik qilayotganingni bilib turibman. Sen meni koʻrolmaysan. Doʻxtirlar seni aperaysa qilib, qorningni ochganida «bu bolaning ichi qorami yo yoʻqmi?» deb soʻrasam boʻlarkan. Shoqos itbozning iti bolalagan kuni men bir yozgʻuvchi birlan tanishdim. Eshitgandirsan, Gurillo Badharfiy degoni yozgʻuvchilikni tozza gurillatgan erkon. Eshitgan boʻlsang ham, «tanimayman», deysan. Ichqoralar shunaqa boʻlishadi. Sendan tuzukroq boʻlsa kerakki, tan olishni istamaysan. Sekin surishtirsam, mendan koʻproq harfni bilmas erkon. Oma-lokigin kallasi binoyi! Quling oʻrgulsun, «oq bola»ning ikkitasini yumalatdig-u suhbati jonon qizigani uchun oʻzimiz qulamadik. Oxir-oqibat kelishdikkim, men uning hayotini roʻmon qilib yozadurgʻon boʻldim, u mening hayotimni kino qiludurgʻon boʻldi. Yana bitta «oq bola»ning bahridan oʻtduk, mening oʻgʻil bolaligim tutub, aroqning pulini shart toʻlavordim. Shuning kayfida Gurillo bir yigʻlab, bir kulib hayotini aytub berdi. Yarmiga kelgonida kayfi tarqab, ilhomi ham ketdi. Yana bir «oq bola»ni yumalatay desam, pulim qolmabdi. Ertasiga uchrasharmiz, deduk. Ertasiga bilsamki, boyaqish oʻlibdi. Oʻlgan boʻlsa boʻynimdagi bir «oq bola» qarzidan qutulishim bor-ku, hayotini roʻmon qilib qutula qolay dedum. Aytolmay qolgʻon chala gaplarini yumaloq-yostiq qilib toʻqidimu roʻmonni «gatop» qilib qoʻya qoldim. Sen ichqoralik qilmay eshitgin-u, qogʻozga koʻchirub kitob chiqaradugʻonlarga olib borib ber. Agar u-bu narsani shama’ qilishsa, aytaver, Gurilloga atalgan «oq bola»dan elliktagina ichganman, qolgʻoni shundayligicha turibdi. Hammasini beraman. Omma zakuskasi oʻzingdan. Ie, toʻxta, gapimning chalasi qolibdi. Qogʻozga koʻchirib yozayotganingda juda-a eskichasiga qilib yuborma. Oldingisini choyxonadagilar yaxshi tushunishmabdi. Yangichasiga yoz, hammaning tishi oʻtadirgon boʻlsun. Kelishdikmi, unda eshit, gap bunday:

Birinchi hangoma

Mashhuri zamon boʻlmish Gurillo Badharfiy esini qachon taniganini bilmagani rost. Hamma qatori uch-toʻrt yoshlarni chamalab yurgoni ham rost erur. Oʻzining aytishicha, bobosining «Olim boʻlur kishining peshonasi keng boʻlur», degan puruhikmat gapini tahminan shu yoshlarida eshitgan chiqadur. Harchand urinmasun, undan oldigilari yodida yoʻqdur.

Gurillo hikmatlarning haqiqatga yaqin erurligini oʻsha yoshida emas, sal kechikibroq payqagan, bu birlan esa oʻzining kelajakda buyuk olim boʻlishiga ishonch hosil qilgʻon erdi.

Ha, aynan shunday: uning peshonaginasi keng, boʻyi Jahdi pakanadan tikroq, qarashi Kunnisa shilpiqnikidan koʻra mayinroq edi.

Maktab yoshiga qadarli xat chizilgon qogʻozlarni koʻtarib yurishini tasdiqlovchi guvohlarning oxirgisi yetti oy avval qazo qilibdur, Xudo rahmat etsun. Kitob koʻtarib yurgonini tasdiqlovchi ikki guvoh tirik, omma ikkovi ham tildan qolgʻondir. Zarur topilsa, koʻz qarashlari birlan tasdiq etib beruvlariga ishonchim ozroq. Uning kitobni oʻqisa-oʻqimasa koʻtarib yurganini ovora boʻlib, isbot etish shart ermas koʻrinadur.

Olim boʻlish uchun zarur talab – keng peshonani Xudoning Oʻzi berib qoʻygach, nechun oʻzini fan soʻqmogʻiga urmasun? Urdi! Javlon urmoq uchun oʻziga katta maydon qidirdi. Peshonasi keng boʻla turib, oʻrta-miyona olim darajasida qolishga koʻnsa, nodon desakda arzir erdi. Ammo koʻnmadi! Uning niyati olamni dong qolduradurgʻon ixtiro qilmoqlik erdi. Roʻparasidan handasa ilmining dengizi chiqib qolgʻon edi, oʻylab ham oʻtirmay shoʻngʻidi. Qarasaki, bu dengiz sayozroq erkon, ya’nikim, zoʻr ixtirolarni shoshqaloq olimlar oʻtgan asrlarda yumaloq-yostiq qilib tashlashgon erkon. Yanayam toʻgʻrisi, bu dengizda suzishga uquvi yetmasligi bilinib, chetga chiqa qoldi. Xudoning unga rahmi kelub, falakiyotni roʻpara qildi. Lokin Xudoning bu ishiga qoyil qolmadi: osmonga bunday nazar solsa, hamma yulduzlarga ism qoʻyib ado etilibdur. Uning muborak ismi uchun boʻsh yulduz qolmabdur. Bu bir adolatsizlik-da! Axir osmonda «Gurillo» degan yulduz charaqlab tursa yarashmasmidi? Agar yana bitta boʻsh yulduz boʻlsa, Gurilloning hayotini roʻmon qilgon JOʻRJning muborak nomi ham osmonga chiqib qolarmidi, a? Xoʻp, buni yozmay qoʻya qol, davomini eshit:

Baxtidan oʻrgulsin, qarasa, kimyo jadvalida boʻsh kataklar koʻp erkon. Mendloef degan bir sersoqol olim oʻtganmi? Nima? «Mendeleev» dedingmi? Adashmadingmi? Boʻpti, qanday yozsang yozaver. Shu kataklardan bittasini toʻldirsa ham Mendloef yonidagi boʻsh taxtga oʻtirar erkon.
— Mendloefning yuzta ixtirosi-yu mening bitta kashfiyotim! Kelajakda kimyoning jadvali mening otim bilan ataladi!-deb ahd qildi.

Ahdga besh ketsak arzir: «Mendloef jadvali» degan qayda-yu «Gurillo jadvali!» degan qayda?!

Gurilloning maktabda kimyo fanidan «uch» bahoga oʻqigan, deb yomonlagan odamning oʻzi yomon. Oʻsha Mendloef ham «uch»ga oʻqigon erkon-ku? Oʻsha dodaxoʻja olimning zoʻr hislati Gurilloda ham boʻlsa nimasi yomon? Gurillo koʻzguga qaraganda oʻsha Mendloefning peshonasida ham oʻxshashlik topdi. Omma, ota-bobosi koʻsa boʻlgani sababli sersoqol boʻlish umidi soʻndi. Bu ham yaxshi. Oʻsha sersoqoldan farqi ham boʻlishi zarur-da!

Oʻninchi sinfni bitirib, maktab bilan hayrlashayotganida hammaning oldida «Mendloef jadvalidagi 112-katakni men toʻldiraman!» deb tantanali va’da berib toʻgʻri qildi. Yaxshi ishni yashirib yurishning nimasi foydasi bor? Hamma ajablangan edi u kamtarlik bilan shunday izoh berdi:
— Men katta ketolmayman. Oʻzingizga ma’lum, kashfiyot ogʻir mas’ala. Men institutni tugatib, to kashfiyotga kirishgunimcha hozirgi olimlar jim oʻtirishmaydi. Ular 112-katakkacha boʻlgan boʻsh oʻrinlarni toʻldirib turishsin, qolganini men oʻzim boplab tashlayman,-dedi baraka topgur.

«Ximfakka kirishim «zanjir reaktsiya» orqali amalga oshdi», devdi, omma men bunisiga tushunmadim. Balki «oq bola»ning kuchidan shunaqa aljib yuborgandir. Bu yogʻini oʻzing toʻgʻirlab yuborarsan. Xullas, oʻzining aytishicha, dadasining puli bilan tanishlari uni ikki yil badalida talabalik kursisida mahkam ushlab turishibdi. Boyaqish, shu ikki yilda hamma olimlarning hayotini oʻqib tushirib, ularga oʻxshab qolibdur. Ajdodi koʻsa oʻtgan boʻlsa ham, Xudodan umid qilib soqol qoʻyibdur. Xudoning rahmi kelub, birinchi sinf oʻquvchisi sanay oladurgon miqdorda soqol chiqibdur. Omma nechundir moʻylab jonivardan koʻp vaqt darak boʻlmabdur. Mendloef koʻzoynak taqar erkon, Gurilloning koʻzlari baloning oʻqidek chaqnab tursa ham, koʻzoynak taqaverdi. Mendloef degan nodon bir haftalab ovqat yemas erkon. «Bu nodonligʻi bekorgamasdir», deb taomdin oʻzni tortibdur va oqibat oʻqishda koʻrinmay qolibdur. Oʻn kundan keyin eti ustixoniga yopishgan bir avholda oʻqish xonasiga sudrab kelubdurlar. U taom yemagan kunlar nechundir, jadvalning 112-katagi xususinda emas, toʻkin dasturxon toʻgʻrisinda oʻylaganini menga gapira turib yigʻlab yubordi. Oʻzimning haqimdan yarim piyola quyib uzatmaganimda ovutish qiyin boʻlur erdi boyaqishni.

Xudoning moʻ‘jizasini qaragin-ki, «zanjir reaktsiya»ning kuchsizlanib soʻnishi, Gurilloning bu ilmdan sovushiga toʻgʻri kelib qolibdur. Dodaxoʻja olimlarning hamma hislatlari oʻzida mavjud boʻlsa ham, mardlik qilib, oʻsha maydonni tashlab chiqib ketadur. Shu tantiligi uchun ham oʻsha badbaxt jadvalni Gurillo nomi bilan atavorishsa boʻlardi, nomardlar!

Bobosi bilmagan narsasini gapirmaydi: peshonasi keng qilib yaratilgandan keyin buyuk boʻlmay qayoqqa ham borsin! Ovozi binoyi, gavdasi kelishgan: quyib qoʻyilgan artist-ku! Peshonasini tirishtirib yuradigan badqovoqlarni ham kuldirish qoʻlidan keladur. Yuztadan ortiq rolni qoyilmaqom qilib tashlasa, buyuk boʻladi-yu tarixda qoladi. Mas’ala hal! Dadasining kasbi nimaligini soʻrab olmagon erkonman, omma «dadamning rejisserligida artistlik oʻqishiga kirub oʻqudum», degani esimda. «Besh pardaga moʻljallangon hayotiy fojia rivojlanib ketub, sakkiz pardada koʻz yoshisiz yakunlanib, diplom kissaga tushdi», desa gapiga tushunmabman. Gapga toʻn kiygʻizvoradigan yozgʻuvchi edi-da, boyaqish. Keyin tushuntirib berdi: besh yillik oʻqishga toʻymay, sakkiz yil oʻqigon erkon.

Baraka topgur Gurillo sakkiz yilni bekorga sovurmay, olamga dong taratgan artistlarning barcha ajoyib hislatlarini oʻzida jamladi. Mendloefga oʻxshatadurgʻon soqolni qirdirib tashladi-yu morj atalmish jonivorni eslataturgʻon moʻylab qoʻydi. Kinoda toʻqson ikki yarimta rol oʻynagʻon shuhratli artistga yarashgan shunaqa moʻylab Gurilloga yarashmas erkanmi? Chorli Choplin degan otligʻ artist oʻsha moʻrjmoʻylovdan shuhratliroq boʻlgani uchun, xatosini angladi. Toʻrt oydan keyin qoʻygʻon qoʻngʻizmoʻylabi pesga hol yapishtirgʻandek yarashdi-qoldi! Bir nodon har kuni ertalab tosh koʻtarar ekan, Gurillo kunda toʻrt marta koʻtaraverib, mushaklari toshib chiqdi. Toʻrtinchi yil oʻquvida koʻzlari moshdek ochildi. Oʻzimizning Tarzanni oʻynagon artist suzish boʻyicha jahon chempioni boʻgʻon erkonmi? U esa hali suzishni bilmasa-ya? Ana, uyat! Suzishni oʻrganaman, deganda ikki marta choʻkib ketay, dedi-yu Xudo bu erka bandasini asrab qoldi.

Teatruda rejister degan hokim boʻlarkan. Gurilloga shunaqa hokim rejisterning betamizi uchrab qoldi. Sakkiz yil oʻqib, quyib qoʻygan artistga aylangan Gurilloga arzimagan rollarni beraverib, bezdirib yubordi. Sen meni koʻrolmaganingdek, oʻsha ham Gurilloni koʻrolmagan-da, dardingni olay! Gurillo magʻrur artist edi. Shart teatrudan ketvordi.

Endi nima qilish kerak?

Yozgʻuvchilik! Yuzdan orttirib kitob yozib tashlasa, dunyoni qoyil qoldiradi. Surishtirib koʻrsa, bir yuz oʻnta roʻmon yozgan yozgʻuvchi bor erkon. U bir yuz oʻn ikkita roʻmon yozmoqlikni moʻljallab, adabiyot olamiga ot surib qolsami?! Shayton «Sen bir yuz yigirmata, hatto bir yuz oʻttizta roʻmon yoza olasan!» deb vasvasa qildi-yu lokin u «har ishning miyonasi yaxshidur», dedi. Kamtar odamning chegarani bilgoni yaxshi-da. U boyaqish endi ham roʻmon yozdi, ham ulugʻ yozgʻuvchilarning hislatlarini jamlashga kirishdi. Bittasiga oʻxshab sopol shlyapa kiydi, boshqasiga oʻxshab jagʻining tagidaga toʻrttagina soqolini oʻstirib yubordi. Yana bittasi tabib oʻtgan ekan, tibbiy kitoblarni olib oʻqidi. Odamning miyasini oʻrgataturgʻon kitobni oʻqiyotganida miyasi suyulib ketay dedi-yu, bu mashgʻulotini bas qildi. Bittasi teatruda ishchi boʻlgʻon erkon, u bira toʻlasi qorovullikka kirdi. Bittasi majnunsifat boʻlib yurib, jini yoqtirmagʻon kishilar ila mushtlashar erkon. U ham majnunlikni kasb qildi-yu, ikki marta chapani yigitlarning qoʻliga tushgach, esini tanib oldi. Gurillo yaxshilikka yaxshi edi-yu, omma bir-ikki xurmacha qiligʻi ortiqchaydi. Esi pastligi ham bor edi. «Men sopol pelada choy ichaman, chunki Qodiriy sopol pela-kosa ishlatgʻon», deydi. Boʻlmagan gap! Mening oʻgay togʻam chinni piyolada choy ichganiga guvohlarim bor. Navoiy boʻydoq oʻtgan, deb xotini bilan ham ajrashibdi.

Ochigʻi, men uning koʻp gaplarini yaxshi tushunmadim. Qorovul boʻlib ishlayotganida stoli ustida Sheks degan pirining kitobi turarkan. «Otaulla» degan roʻmoni bormi oʻshaning? Nima deding, qaytar-chi? Pirining oti Shekspirmi? «Otello» degani roʻmonmas, «tragediya» deysanmi? Boʻlsa bordir. «Oq bola»dan ichvolsam, qulogʻim yaxshi eshitmayturgʻon boʻlib qoladi. Xoʻp, seniki ma’qul, jirillayverma. Oʻsha «Otaulla»ga oʻxshatib uchta roʻmon yozibdi. «Gamlot» degani bormi? Ha, «Gamlet»mi? Bilmadim, har holda oʻshandan oʻtadagʻon qilib sakkizta roʻmon yozibdi.

Sopol shlyapa kiyib yurganida beshta roʻmon yozibdi. Xotinini haydagandan keyin «Farhodu Layli» degan oʻn ikkita roʻmon yozibdi. Ana endi unga «Qoyilman!» demay koʻr-chi! Kitoblarining bosilib chiqmagʻoni hisob ermas. Muhimi yozishda! Dunyoda sendan koʻra insofliroq yozgʻuvchilar ham bor. Shulardan ikkitasi uning toʻrtta roʻmonidan bitta hikoya yasab gaznitda chiqartirib berishgani uchun jannatga tushsalar kerak.

Men birlan «oq bola»ni yumalatganda Gurillo bir yuz oʻn birinchi roʻmonini yozganini aytgon erdi. U qaysidir yozgʻuvchiga oʻxshab yozayotib, oʻlishini orzu qilardi. Lokigin, «oq bola»ni quchoqlab oʻlib qolibdi. Xudoning erka bandasi edi, boyaqish. Uni yangi qabristonga qoʻyishibdi. Goʻriga borib, ziyorat qildim. Goʻrga qadalgan nomirasiga qarasam «112» ekan. Bitta tanishi bilan boruvdim, koʻz yoshi qila turib «Boyaqish kimyodagi 112-moddani, kinodagi 112-rolini, adabiyotdagi 112-roʻmonini shu yerdan topdi», deydi. Nimaga shunaqa dedi, tushunolmadim. Sen tushungan boʻlsang, gapga toʻn kiygʻizib yozib yuboraver. Endi men charchadim. Ahbor karnayning ulfatida bugun tekin osh bor. «Tekindan kafan boʻlsa oʻlmoq kerak», deb bekorga aytishmagandir. Kafani qursin, omma palovxontoʻra lanj boʻlmasin, men ketdim...

Ikkinchi hangoma

Ie, jamoa jam-ku! Yalpisiga assalomu alaykum! Birovga borib «Abdumalik akaning oʻgʻli bizlar bilan choyxonada osh yeydi», desam ishonmasa kerak. Hadeb uyingdaa kitobga muk tushib oʻtirmay, choyxonaga chiqib tursang, obroʻying oshadi. Tishing tuzalib qoldimi? Oldirib tashladingmi? Aql tishini-ya? Ha, mayli tashvishlanma. Senda aql tishi boʻldi nima-yu boʻlmadi nima, baribir oʻsha-oʻshasan. Tish doʻxtirga nima deding, sen bola? «Joʻrj togʻaning tishga tegadagʻon gaplaridan jonim halqumimga keldi», deganing rostmi? Aql tishini oldirib tashlaganing bilinibdi. Hech zamonda gap tishga tegadimi? Gap quloqqa aytiladi, tishga emas. Agar yana shunaqa valdir-vos gaplarni aytib yursang, orani ochiq qilib tashlayman. Ustozligingni pishirib ye! Oʻzimam tuppa-tuzuk yozgʻuvchi boʻlib qoldim. Endi mustaqil yozib tashlayveraman. Sening maslahatlaring menga kapeyka! Muhimi, tushimda Julqunboy togʻam ogʻzimga tupurganlar. Shunisi glavniy! Sen jagʻingni ushlab doʻxtirda oʻtirganingda, men Gurillo haqidagi roʻmonimning davomini toʻqib tashladim. «Gurillo Badharfiy oʻlgan edi-ku?» deysanmi? Roʻmonimning ikkinchi kitobi uning oʻlganidan keyingi hangoma-da. Eshit:

Shunday qilib, odamlar Gurillo Badharfiyni 112-qabrga qoʻyishdi-yu tarqalishdi. Xoʻ-oʻsh, desang, jamoa tarqalishi bilan, Gurillo oʻzini keng yalanglikda koʻrdi-yu hayronu lol qoldi. Axir u odamlar orasida yashadi, narigi dunyo haqidagi gap-soʻzlarni u ham eshitgan. Qabrga tuproq tortilishi bilan lahadga Munkar-nakir kirib kelishi kerak edi. Nima, xato gapirdimmi? Munkar boshqa Nakir boshqami? Ikkovi bir emasmi? Sening ustozing kim, bilmaymanu ammo lokigin qisir qolgan sigirimizni qochirishga olib ketayotganimizda dodam menga Munkar-nakir degan odamni gapirib berganlar. Yana nima deysan? Munkar va Nakir odam emasmi? Farishta boʻlsa farishtadir, bu yogʻini oʻzing toʻgʻrilab yozavur, bola. Xoʻp, Munkar bilan Nakir kirib «Dining nadir?» deb soʻrashi toʻgʻrimi? Ha, shunaqa boʻlishini Gurillo ham eshitgan edi. Lekin lahadda soʻroq boʻlmay birdan yalanglikda paydo boʻlishidan hayron boʻlib qolibdur. Atrofga alang-jalang qilub, soʻng shunday oʻylarni oʻylabdur:

«Gunohim kamroq boʻlsa, soʻrab-tergab oʻtirmay toʻgʻri jannatga oʻtqazib yuborishdimikin? Yoʻgʻ-e, hali qilkoʻprikdan oʻtmadim-ku? Agar bu yer jannat boʻlsa, unda parilari qani? Bir qultum suv bilan yutib yuborsa boʻladigan suluvlari qani? Atrofdagilar rosmana odamlarga oʻxshashyapti. Anavi juvonning turqi namuncha sovuq? Menga buncha tikiladi? Yoʻ-oʻq... bu yer jannat emas. Uydagi gap koʻchaga toʻgʻri kelmaydi, deganlari haqqi-rost. Balki bu tomondagilarning ham zamoni oʻzgarib, ishlash uslubi ham boshqacha boʻlgʻondir? Axir Munkar bilan Nakir qachongacha gurzi koʻtarib sarson yuradi?»

Gurillo shu oʻylar ila band boʻlgʻon kezda atrofda jonlanish sezilibdur. Butalar orasidan chuvakkina chol chiqib kelib, gilamchaga chordona qurib oʻtirmishdir. Vo ajab!.. Axir bu Gurilloning gilami-ku? Qorovul boʻlib ishlab yurganida bir odam bu gilamni idora boshligʻiga atab, koʻtarib kelgon erdi. Tili chuchuklik qilib «pora» deyolmay, «sovgʻa» degan edi oʻshanda. Boshliq nimadandir gumonsirab, gilamni olib ketmagan, Gurillo esa «boshliqqa kelmish sovgʻo tabarruk boʻlur», deb oʻsha tuniyoq uni tinchitgan edi. Boshliq «gilam qani?» deb soʻrashga koʻp ogʻiz juftladi-yu uyaldi shekilli... Ana oʻsha gilam endi bu yalanglikda paydo boʻlishi qiziq. Agar Gurilloni oq surpga emas, shu gilamga oʻrab koʻmishganida ajablanmasa ham boʻlardi...

Gurilloning gilam haqidagi oʻylari uzoqqa bormadi. Ikki kishi uning ikki qoʻltigʻidan olub, gilam ustida oʻlturgʻon cholning roʻparasidagi qoq yerga sudrab bordi. Gurillo ularning amri ila tiz choʻkdi.

«Men Munkar-nakirman»,-dedi qariya.

Nima deysan, yana yanglishdimmi? Ha-ya, Munkar boshqa, Nakir boshqa, devding-a? Toʻxta, unda roʻmonni boshqacha qilurmiz. Shoshilma, oʻylab olay... Boʻldi, topdim! «Soʻroq qiluvchi chol» deb qoʻya qol. Bu yogʻi ham zoʻr boʻldi, eshit:
— Men soʻroq qiluvchi cholman,-dedi qariya.

«Rosayam qaribdi-ku, shuning uchun gurzi koʻtarolmay qoʻyibdi-da»-deb oʻylamish erdi Gurillo.

Bu oʻyni oʻylab ulgurmay boshiga ogʻir bir narsa urilib, hushini yoʻqotdi. Koʻzlarini ochsa, soʻroqlovchi chol unga tikilib oʻtiribdi.

«Gurzi urishni jamoatchilik asosida bajarishadigan boʻlishibdi-da», deb oʻyladi yana Gurillo.
— Sen boʻlakcha fikrlar ila chalgʻimay savollarimga aniq-tiniq javob qaytar. Qismating ogʻir. Ustingdan koʻp arizalar yozilmishdir,-Qariya shunday deb bir toʻp qogʻozlar orasidan birin oldi.-Birinchi ariza bandai moʻ‘mina Qoraboy qizi Nafisadan. Oʻqulsun!

Gurzi tushirganlardan biri qogʻozni chaqqonlik ila olib oʻqimoqni boshladi:

«Arizaginamning asl mazmuni shulki, Gurillo Badharfiy ismliq zot meni badnom qildi. Suyukligimdan ajratdi. Birov bilan bir yostiqqa bosh qoʻymay, homilador boʻldum. Ammo tuqqanimdan keyin Gurillo Badharfiy meni nafaqa bilan ta’min etmabdur».

Qariya «bas» deb qoʻlini koʻtardi.
— Xoʻsh, gunohkor banda, aybingga iqrormisan?

Gurillo avvaliga dovdirab qolmishdir. «Birovni urganmisan yo soʻkkanmisan yo haqiga xiyonat qilganmisan?» deb soʻrasa javob topib berardi. Lekini bunaqasi...
— Taqsir...-Gurilloning tili arang gapga aylandi,-Boʻxton bu. Yumaloq xatchilarning ishi bu. Men xotinimdan boshqaga... bormaganman. Birinchi xotinimga oʻn besh yil olimient atalmish soliq toʻladum. Pattalari bor edi, faqat... u yoqda qolgan. Soʻroq boʻlishini bilganimda olvolardim. Zarur boʻlsa, ilojini qilib bir-ikki kunga chiqazvoring, aytgan vaqtingizda olib tushaman.
— Gapni chuvalashtirma! Aybingga iqrormisan?-deb oʻshqirdi chol.
— Yoʻq, bunaqa gunoh qilmaganman.

Boshiga gurzi tushib, yana hushini yoʻqotdi. Oʻziga kelib, koʻzini ochsa, boyagi xunuk xotin yonida oʻlturibdi.
— Bu muslimani tanirmusan?-deb soʻradi chol.
— Yoʻq,-demish Gurillo.

Yana boshiga zoʻr bir gurzi tushmish. Yana hushini yoʻqotmish. Yana koʻzlarini ochsa, tumshugʻining tagida bir toʻp qogʻozlar turibdi. Qarasa, oʻzi yozgan qogʻozlar. Tepasiga katta-katta qilib «Bahordagi muhabbat roʻmoni», deb yozib qoʻyibdi.
— Oʻqi!-deb buyurdi chol.

Gurillo yana gurzi yeb qolmay, degan hadikda oʻqiy boshladi:
— Moʻrchamiyon qizning yuragida muhabbatga oʻxshash allaqandayin his oʻrkach-oʻrkach boʻlib kuydirardi. Yuragi esa tuyaga oʻxshab loʻkillardi. Birdan u oʻzini yigitning uvada bagʻriga tashladi. Yigitning koʻkragidagi qalin junlar uni mast qilib qoʻydi. U hozir yigitning sevmasligini ham unutgan, ertaga falsafadan imtihon topshirishini esidan chiqargan edi. U yigitning quchogʻida mushuk kabi erkalanar, yigitnng hirsi soʻnmay turib, koʻkragidagi junlarni mayda qirqkokil qilib oʻrib olmoqlik uchun payt poylar, qiz qilib tuqqani uchun onasiga gʻoyibona rahmatlar aytardi. Toʻgʻri-da, onasi adashib oʻgʻil qilib tugʻib qoʻyganida, bu lazzatlar qayda edi!? Oʻttiz uchinchi kokilni oʻrayotganida yigitning qoʻllari kutilmaganda gʻalati harakatlar qila boshladi. U juvonga aylanganini sezmay ham qoldi.
— Bas!-dedi chol asabiylashib.-Endi tanidingmu bu muslimani?
— Axir bu... bu... badiiy toʻqima-ku? Hamma shunaqa toʻqiydi...-deb oʻzini oqladi Gurillo.

Lokigin chol uning gapini eshitmadi:
— Da’voyingni ayt, Qoraboy qizi Nafisa.

Xunuk juvon yigʻlab turib, dardini toʻka boshladi:
— Men bu kishining asarlariga kirganimdan mingdan ming pushaymon erurman. Bundan koʻrasi oqibati fojia bilan tugayturgʻon biron atala asarga kirub, zahar ichub oʻlgʻonim afzal erdi. Ilojim qancha, shoʻrpeshona erkonman. Roʻmonlarining oʻn uchinchi sahifasida moʻrchamiyon erdim. Yigirma birinchi sahifadan yigirma ikkinchisiga oʻtar yerida qaddim «kelishgan dol» boʻlib bukchaydim. Avvaliga mujgonlarim qayrilma edi. Keyin kamon oʻqiga aylandi. Qoʻy koʻzlarim shahlo boʻldi, uchar otnikiday bejirim oyoqlarim semiz sonlarim dastidan yurolmay ham qoldi. Xullas, oʻzimning qanaqaligimni bilolmay, haligacha hayrondurman. Teshavoyni yaxshi koʻrardim. U ham meni sevardi. Lekin Teshavoy birdaniga raisning qiziga uylanib oldi. Meni institutdagi Oʻroqvoy degan domla ilib ketdi. Qirq toʻrtinchi bobda erimning oti Boltavoy, kasbi domla emas, qamalib ketaturgʻon magazinchi boʻlib qoldi. Homilador boʻlganim mayli, lokigin bolamni boshqalarga oʻxshab toʻqqiz oy qornimda koʻtarib yursam boʻlmasmidi? Yoʻ-oʻq, uch oyda tugʻib qoʻyganimni oʻzim ham keyin bildim. Besh kiloli bolani qanaqasiga qiynalmay tugʻdim, oʻzimam hayronman. Tugʻruqxonada yotganimda bolam qiz edi. Bogʻchaga borayotganida Alpomishday oʻgʻil boʻlib qoldi. Bolamning otasi Oʻroqvoymi yo Boltavoymi, aniq emas. Oʻzimning afti-angorimni kishi tanimas qilib yubordilar, bunisiga chidayman. Omma bolani qanaqasiga orttirdim, shunisiga javob bersinlar. Agar bu kishi zoʻrlamaganlarida bunaqa ishlar boʻlmas erdi. Men «Bahordagi muhabbat» degan roʻmonga kirgan barcha qahramonlar nomidan da’vogar boʻlib keldum. Yuzta da’vogarni Gurillo Badharfiy aro yoʻlda chala yozganlari uchun ular bu yerga yetib kelolmadilar. Mening Teshavoyim... yettinchi bobda chimildiqqa kirganicha haliyam chiqqani yoʻq...
— Shu gaplar rostmi?! Qizni badnom qilganingga iqrormisan?-deb oʻshqirdi chol.
— Yoʻq, taqsir, axir yemagan somsaga...

Bu joyda savol berilarkan-u javob oxirigacha tinglanmas ekan. Boshiga gurzi tushgach, gapi tilida qoldi. «Yemagan somsaga pul toʻlash bu yerda ham bor ekan-da», degan oʻy xayoliga keldi-yu hushidan ketdi.

E... Abdumalik akaning oʻgʻli, soatingga qara-chi? Obbo... rosa chaynalibman-ku, a? Endi qanot chiqarib uyga uchishim kerak. Samovor palov senga buyura qolsin. Harxasha xolang beshik toʻyidan qaytgunicha shirguruch qilib qoʻyish boʻynimga tushgon. Harxasha xolang hozir parhezda, toʻydan och keladi. Aytmoqchi, shirguruchga tuz solinarmidi, bilmaysanmi? Obbo... Tavakkal, bir chimdim solarman. Yana nima deysan? Ie! Roʻmonim rostanam yoqdimi? Kalaka qilayotganing yoʻqmi? Oʻylab topmadim, bu gaplarni, Xudo berdi, men toʻqidim-qoʻydim. Yana davomini toʻqib qoʻyganman. Ertaga aytib berarman-a?

Uchinchi hangoma

«Choyxona ham bor boʻlsin!» deydigan xotin mavjudmikin, bu dunyoda. Quyosh gʻarbdan chiqib, mabodo shunday xotin topilib qolsa, meni aytdi deyaver, dunyodagi barcha choyxonalarda unga haykal qoʻyiladi. Hozircha biz bevaqt tugʻilgʻonmiz shekilli, choyxona borligi uchun Xudoga shukr qiladirgon xotin topilgʻonicha yoʻq. Mana, kecha salgina gapga berilibman. Shoshib-pishib shirguruch qilibman. Tamomiy baloga qoldim. Harxasha xolang beshik toʻyiga ketishdan oldin menga shirguruch emas, shirchoy buyurgan ekan. Xullas, shirguruch pishirgan men-ku, lokigin qargʻishga choyxona qoldi. Shu insofdanmi? Ana, Tolib bedarvozaning choyxonasini qargʻasin, Dunyodagi itpashsha-yu xira pashshalarning hammasi oʻsha yerda. Bizning choyxonada nima ayb? Ayniqsa, sen endi chiqib oʻrganayotganingda bu choyxona xotinimning qargʻishiga qolib bir nima boʻlsa, men bu dunyoda qanday qilib bosh koʻtarib yuraman? Ha, ha, gaping toʻgʻri, nomard odam xotinidan shikoyat qiladi. Boʻpti, damim ichimda. Faqat shu choyxonaga bir nima boʻlsa, xotinimdan koʻrib yurmalaring. Maqsadga oʻtaymi? Xoʻp, kecha nimalarni aytib beruvdim? Gurillo Badharfiyga bir xunuk xotinning dav’o qilgoninimi? Unda bugungisi meravoy gap boʻladi. Eshit:

Shunday qilib, narigi dunyodagi soʻroq qilgʻuvchi chol ikkinchi arizani chiqordi. Harflarga koʻz yugurtirdi-da, Gurilloga «ahvoling chatoq, omma battar boʻlmasang rozimasman», deganday qarab qoʻydi. Keyin baland ovozda baqirdi:
— Sulton Murod ibn Ma’mur ibn Ahmad!

Olomon orasidan koʻrinishi dargʻazab, yurishi esa mayinroq bir odam chiqib ta’zim qildi. Oʻzi erkagu, lokigin ta’zimi erkakcha boʻlmadi.
— Xoʻsh, roʻyxatda koʻrsatgan barcha xotinlaring shu yerdami?-deb soʻradi chol undan.
— Ha, taqsir, ana ular.

Podshoh shunday deb narida toʻp boʻlib turgan qirq nozaninni koʻrsatdi. Chol ularga qaragan edi, nozaninlarning oʻn yettitasi ishva bilan jilmayib qoʻydi. Cholning oʻzi qari boʻlgani bilan koʻngli yosh edi, oyogʻining tirnogʻigacha zirillab ketdi.
— Demak, Gurillo Badharfiyda da’voing bormi?-deb soʻradi nozaninlarga toʻyib qarab olgach.
— Shunday.

«Men shohlar zamonida yashamagan boʻlsam, ularga yomonlik istamagan boʻlsam, menda qanaqasiga da’vosi boʻladur?»-deb oʻyladi Gurillo.
— Xoʻsh, Badharfiy, sen bu oliy zotni taniysanmi?-deb soʻradi soʻroqlovchi chol.
— Tanimayman,-dedi Gurillo dadil.
— Hoy, mal’un, endi tanimay qoldingmu? Boshimga shunchalar kulfatlar solib-a?-deb nola qildi sulton.
— Oʻlay agar, tanimayman,-deb qasam ichdi Gurillo.
— Oʻlib boʻlgansan, qasaming oʻtmaydi,-dedi chol.-«Shoh borki, xotin bor» degan roʻmonni sen yozganmisan?
— Ha, bir paytlar yozuvdim... lekin bosilib chiqmagon.
— Sulton Murodni sen yaratganmisan? Uning qirqta xotini bor edi, endi esingga tushdimi?
— Tush...di,-Gurilloni behos hiqichoq tutib, dadil javob qaytara olmadi.
— Ana, tanishib oldinglar. Ishni oʻzaro tushunish yoʻli bilan hal qilamiz. Qani, podshoh hazratlari, da’voingizni loʻndaroq qilib bayon eting.
— Podshoh boʻlib yaralish hammaga nasib etavermaydi. Toleimdan oʻrgulay, deb dunyoga keldum. Besh yoshumda podshoh boʻldum. Otamning kimligidan, qanday yoʻq boʻlgonididin bexabar erurman. Sen otamning kimligin bilarmiding, mal’un!?

Gurillo huquq ilmidan ham boxabar erdi. Shu bois dangal dedi:
— Men norozilik bildiraman. Da’vogar jamoatchilik orasida obroʻyimni toʻkyapti!
— Bu yerda obroʻ degan gap yoʻq. Jamoatchilik ham yoʻq. Da’vogarning savoliga aniq javob ber.
— Otangning kimligini, nima boʻlganini men qaerdan bilaman? Kerak boʻlsa, urugʻ-aymogʻingdan soʻrab-surishtirb olaver!
— Ana koʻrdingizmi, taqsir, bu muttaham shunaqa tonib turadi. Xoʻp, bunisiga chiday. U menga dastlab yetti qasabali mamlakat bergan erdi. Yerlarimning u boshida kun chiqib, bu boshida botardi. Roʻmonining yarmiga bormay, qasabalarim uchta boʻlib qolibdi. Xoʻsh, mal’un, toʻrtta qasabamni nima qilding?
— Yettitaligicha turibdi, ana, qoʻlyozmamga qara, koʻchirgʻuvchi xotunning aybi birlan «uchta» deb koʻchirilgan.
— Ana, yana tonyapti bu mal’un! Bir goʻzal jononga ishqim tushgan erdi. Mulozimlarim uni haramga kiritishib erdi. Qani oʻsha jonon? Nima uchun meni haramga kiritmading, mal’un?
— Qanaqa, podshohsan, esing joyidami oʻzi?-dedi Gurillo gʻazablanib.-Oʻsha kuni chet el delegasiyasini qabul qilishing kerak edi. Haramda balo bormi senga? Bittasiga kirmagan boʻlsang, ana, qirqtasini berib qoʻyibman-ku?
— Qirqtasini bermay oʻl, sen juvonmarg! Qirqta jononning koʻnglini ola bilishim uchun meni qaroqchilar toʻdasida tarbiyalashing kerak edi. Sen meni kimning hovlisida katta qilding, mal’ungina?! Maydaqadamlarni qaerdan topa qolding, baloginaga uchragur!
— Feodal jamiyatda boʻlgan bunaqalar, men oʻylab topmaganman...
— Huv, ovozing oʻchsun! Bu qirq jonon menga nasib boʻlmadi,- podshoh shunday deb peshonasiga qarsillatib urdi.-Hammasi mulozimlarim bilan don olishadur, uchragan erkakka qosh qoqadur. Ana, hozir ham ishva qilishyapti.
— Hay-hay!-soʻroqlovchi chol siri oshkor boʻlganday sapchib ketdi.-Mavzudan chetlashmang!
— Muddaoga oʻtsam, u begunoh odamlarning daryo-daryo qonini oqizishga meni majbur qildi.
— Bu mening istagim emas, jamiyat...
— Jim boʻl! Sen meni qirqta xotinga uylanishga majbur qilding!
— Hamma podsholarda qirqtadan xotin boʻlgan...
— Axir menga bittasi ham yetardi!

Podsho shunday deb yigʻlab yuborgon erdi, soʻroqlovchi chol unga validol berib, tinchlantirdi. Bu yerga validol qanday tushib qoldi, Gurillo bilmaydi, ochigʻini aytsam, oʻzim ham bilmayman. Tinchitishning boshqacha yoʻli boʻlsa, oʻzing toʻgʻrilab yozarsan.
— Yaxshi, yaxshi,-dedi chol podshohni tinchitgach,-talabingizni ayting, doʻzaxda kuydiraylikmi?
— Yoʻq, yoʻq, kuydirmang taqsir! Ana, koʻryapsizmi, xotinlar imlashyapti. Hammasini oʻzi nikohlab olib, jabrini ham oʻzi tortsun. Meni shu xotinlardan xalos qilsangiz bas...

Podshoh shunday deb hiqillab yigʻlay boshladi. Gurillo «Shuncha xotin menga ham kerakmas», degan edi, boshiga gurzi tushdi...

Nima deysan, Abdumalik akaning oʻgʻli, Gurillo Badharfiyning u dunyodagi hayotini qotirib toʻqibmanmi? Endi menga tan berasanmi? Xohlasang, yana toʻqib tashlayveraman. Xohlamaysanmi? Shuning oʻzi koʻnglingni alagʻda qildimi? Voy, naynov-e! Kecha maqtayotuvding-ku? Boʻpti, senga yoqmasa ham ana, choyxonadagilar eshitib ikki marta kulishdi. Menga shunisi hisob. Aytganlarimdagi bittayam harfni oʻzgartirmay, qogʻozga yozgin-u gaznitga ber. Ha, aytib qoʻy, ularingga, qalam haqidan urib qolishmasin. Beradigani bir kilo goʻshtga yetmasa, yozgʻuvchiligingni ham tashlayman. Kecha baqqollikka oʻtsam, sheriklarim birni birga urishtirib, oʻnni olishyapti. Manim fidoyi ekanligʻimni bilib qoʻy. Uka, ha!

JOʻRJ togʻamizning aytganlarini aslicha qilib qogʻozga tushirdim-u yana oʻylab qoldim. Toʻqigan hangomalari nashr qilinmasa, qalam haqi olmasa yozuvchilikni tashlar ekan. Shunday qilgani sizga ma’qul. Adabiyot maydonida ivirsib yurganlarning bittasi kamayadi, deb quvonarsiz. Lekin menga qiyin. Mahallada bosh koʻtarib yurolmayman. Koʻchib ketishimga toʻgʻri keladi. Qayoqqa koʻchaman? Agar uch qavatli, bir yuz oʻn ikki xonadan iborat, hovlisi oʻn ikki sotixdan kam boʻlmagan ortiqcha uyingizni menga beradigan boʻlsangiz, mayli, shuning evaziga JOʻRJ togʻamizni adabiyotdan bezitib, chetlatish bizdan. Kelishdikmi?