OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Tohir Malik. Bekat (hikoya)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiBekat (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm22KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/23
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bekat (hikoya)
Tohir Malik

Bu yerda kimlar boʻlmagan...

Qora moyga belangan shpallar nimalarni eshitmagan...

Oh-faryod, hayqiriq, quvonch bilan aytilgan har bir soʻz huddi qora moy singari ana shu yoʻl, ana shu koʻhna bino bagʻriga singib ketgan. Yoʻl ham, bino ham jonsiz. Ammo u koʻp voqealarning guvohi. Dahshati kishini larzaga keltiruvchi har qanday voqea ham ular uchun parovoz qichqirigʻiday oddiy bir narsa boʻlib qolgan.

Shuning uchun ham bu mungʻaygan bino, qoramoyga belangan yoʻl jim...

Asqarxoʻjanikida toʻy tarqashi bilan Nafisa oʻgʻliga aza ochdi. «Qoʻshnimning toʻyiga zomin boʻlmayin», deb qoraxatni yashirib, yonib-kuyib yurgan ona qalbida yigʻilib qolgan dardini endi yigʻi bilan chiqarardi.

Hozirgina toʻyxonadan chiqqanlar, endi qoʻshni eshikka azaga kirdilar...

Polvon togʻa fotihaga kelganlarni oʻzi kutdi. Muborak ham Nafisaga dalda berib oʻtirib, qosh qoraymay uyiga qaytdi. O'ng qoʻshninikidagi toʻy, chap qoʻshninikidagi aza tashvishlari oxiriga yetdi. Shom azoni hamma narsaga barham berdi. Odamlarning quvonchlari ham kiprikdagi yoshday omonat boʻlib qolgan edi. Xursandchilik hech yerga oʻz hukmini mutlaq oʻtkaza olmas, izma-iz quvib yurgan gʻamga joyini boʻshatib ketishga majbur boʻlardi.
— Dunyoning ishlari shu ekanda... ishqilib, Allohim koʻpning qatorida Narzimni ham oʻz panohida asrasin,-deb qoʻyda Polvon togʻa.
— Aytganingiz kelsin,-dedi Muborak. Keyin koʻcha eshik tomon tikildi:-qarang-chi, kimdir turganga oʻxshayapti.

Polvon togʻa bir yoʻtalib olib: «Kimsiz, kelovring», deb koʻydi. Eshik tomondan qiz bolaning «menman, Polvon togʻa», degan siniq ovozini eshitib, «oʻzing qaray qolasanmi?» degan ma’noda ayoliga savol nazari bilan boqdi.
— Kelovring, qizim, tortinmang,-dedi Muborak oʻrnidan turayotib.

Qiz supaga yaqinlashib salom berdi-da, koʻrpachaning chetiga omonatgina oʻtirdi. Bir vaqtlar u Polvon togʻadan hayiqardi. Narzi «dadam koʻrib qolmasinlar», deb hadiksiragani hadiksiragan edi. Faqat bir marta... Narzi urushga joʻnayotgani kuni Nozik qoʻrqmadi. Bilishsa bilishar, deb Narzining yoniga keldi. Kelishga keldi-yu, lekin uyatdan yuzlari yonib, yerga qarab oldi. Qarindoshlari bilan xayrlashayotgan Narzi Nozikdan bir narsa kutganday unga umidvor koʻz bilan tez-tez qarab qoʻygan edi.

Nozik Polvon togʻaga oʻshandan beri roʻpara boʻlgani yoʻq. «Polvon togʻa oʻshanda meni koʻrganmidilar?... Balki... eslaridan chiqib ketgandirman...» Nozik shu xayolda boshini quyi egib oʻtirardi.
— Qizim, tinchlikmi?-deb soʻradi Polvon togʻa, ayoli bilan koʻz urishtirib olgach.

Bir daqiqagina xayol ogʻushiga shoʻngʻigan Nozik choʻchib, togʻaga qaradi. Gapni nimadan boshlashni bilmay, taraddudlandi.
— Tinchlik, togʻa... Hm... haligi... oʻgʻlingizdan... Nazrulla akamdan xat kelmadimi?

Dabdurustdan berilgan bu savoldan ajablangan er-xotin bir-birlariga qarab olishdi.
— Bir hafta boʻldi shekilli, a, Narzi?-deb soʻradi Polvon togʻa xotinidan.
— Bir haftadan oshdi, sakkiz yarim kun boʻldi,-deb aniklik kiritdi Muborak.
— Nimaga soʻrayapsiz, qizim, tinchlikmi?
— Bizga xat kelmayqoldi.
— Kimdan, Narzidanmi?
— Yoʻq... akamdan. Ular urushga bir kunda ketishgan edi...
— Sabr qilinglar, kelib qolar. Narzimdan bir oycha xat olmadik. O'gʻlimni Xudoyim asrabdi, koʻlini oʻq tatalab oʻtganmish. Aytib turib, birovga yozdiribdi. Xati boshqa boʻlsa ham., gaplari oʻsha-oʻsha.
— Ha, mening oʻgʻlim qiziq gaplarni topishga usta,- Muborak bu chiroyli qiz oldida oʻgʻlining maqtovini keltirib, oshxona tomon yurdi.

Ayoli nari ketishi bilan Polvon togʻa qizga sinovchan tikildi:
— Qizim, havotiringizni koʻzingiz aytib turibdi. Yashirmang. Bugun aytolmasangiz, ertami-indinmi, baribir aytasiz. Narzi omonmi? Xolangiz yoʻgʻida toʻgʻrisini aytovring, omma u eshitmasin, yuragi chatoq.

Nozik Polvon togʻaga bir qarab oldi-da, soʻng nigohini uzumzorga tikib, tez-tez gapira boshladi:
— Menga xat yozibdilar... «Uyga bormayman...» debdilar.

Nozikning ovozi titradi. Polvon togʻa unga hayrat bilan tikildi:
— Nega?
— Koʻzlari... koʻzlari koʻrmayotganmish...
— Yo, qudratingdan!

Polvon togʻa past ovozda bir nimalar dedi, lekin Nozik eshitmadi. Polvon togʻa boshini egib bir pas jimqoldi.
— Men ertaga ketyapman,-dedi Nozik.
— Qayoqqa?
— Bokuga. O'sha yerdagi gospitalda ekanlar. Olib kelaman.

Muborak bir chinni kosada taom koʻtarib qaytdi:
— Qizim, toʻydan nasiba, oling.
— Rahmat xolajon,qornim toʻq...
— Bir chimdim boʻlsa ham oling. Nasiba-da. Xudoyim hammani toʻyga yetkazsin.

...Burilishda pishqirib parovoz koʻrindi. Orqadan tanish ovoz eshitildi:
— Qizim...

Nozik oʻgirildi. Polvon togʻa unga tuguncha uzatdi:
— O'gʻlimni sizga, sizni Xudoga topshirdim. Narziga ayting: koʻngli choʻkmasin. Omon qaytsa Xudoga shukurlar qilamiz. Bor baxtimiz ham oʻsha. Bekorchi xayollarga borib biz bedavolarni bebaxtqilmasin.

Poezd bu bekatda ikki daqiqagina toʻxtadi. Keyin chuqur «uf» tortib, joʻnab ketdi.

«Shunday qiz yaxshi koʻrarkan, Narzi mendan nega yashirdi? Aytganida urushga ketmay turib uylantirib qoʻyardim-a... Boshimizga baxt qushi qoʻnib turgan ekan-u... bilmapmiz. Ajab... Xudoyim, oʻzing mehribonsan, endi bu qushni uchirib yubormagin...Notavon bandalaringga rahming kelsin...»

...Nazrullaga zulukday ot berishdi. Huddi oʻzining qorabayiriga oʻxshaydi. Man-man degan chavandozlar ham uning shu otiga tan berishgan edi. Mana oʻsha oti. Yoʻq, bu emas, buning peshonasida oq qashqasi yoʻq. Oyogʻi ham uncha ingichka emas, aravaga qoʻshilganga oʻxshaydi, yaxshi chopolmaydi. Na iloj, urushda yaxshisini tanlashga vaqt yoʻq. Nazrulla chaqqonlik bilan egarga oʻtirdi-yu, otga qamchi bosdi. Jonivor yeldek uchdi.
— Yaxshi choparkan,-deb oʻyladi Nazrulla.-Lekin sovutish kerak. Nima bu? Jarlikmi? Dirr!

Ot ham Nazrulla ham pastlikka shoʻngʻidi...

Uning yuzlarini tanish koʻl siladi.
— Kim bu?
— Menman...
— Nozik?!

Bu bekat Polvon togʻa bilan Muborak xolani boshqa koʻrmadi. Nozik bilan Nazrullani har yili kuzatadi, keyin kutib oladi. Avval ular ikki kishi edilar, keyin uchta boʻlishdi, soʻng esa toʻrtta...

Bekatdagi suv doʻkoni ikki kundan beri ochilmaydi. Uchinchi kuni xizmatchilar orasida shivir-shivir tarqaldi:
— Lolaxon oʻlib qolibdi...
— Qachon?
— Ikki kun boʻlibdi...

Bu gap-soʻzlarga birgina farrosh e’tibor bermadi.
— Allohning qudrati,-deb qoʻydi.

Peshinga yaqin bekat koʻchasidan oʻn - oʻn besh kishi tobut koʻtarib oʻtdi. Farrosh oqsoqlanib borib, tobutning bir tomonini koʻtardi. Pichirlab duo oʻqidi, keyin tobutni boshqa kishi yelkasiga olgach, safdan chiqib, yuziga fotiha tortdi-da, bekat tomon yurdi.

Tepasiga paranji tashlangan tobut ichida kim yotganini u biladi.

O'sha yillari ham u farrosh edi. Bekat binosi qad koʻtarganidan beri shu xizmatda.

Dastlab suv doʻkoni ochilib, durkungina qiz Lolaxon ishga kelganida uni koʻrib, koʻp yigitlar qatori uning ham yuragi «jiz» etib qoʻygan edi. Lekin... «bizdek choʻloqqa yoʻl boʻlsin», deb qizga yaqin yoʻlamas, shilqimlik qilmasdi. Avval Sarvarga hasad bilan qarab yurdi.Bu yigitning bekatda har kuni oʻralashib yurishi bejiz emasligini bildi. Bir kuni bahor oftobida mudrab oʻtirganida Sarvar unga salom berdi. Yonida yasanib olgan doʻsti. Ikkovi ham bir hildagi ikki saman otni minib olishgan.
— Mansur aka, toʻyga aytib keldim, birga boʻling. Yakshanba kuni ertalabdan boraverasiz.

Mansur unga boʻlgan hasadini yashirishga urinib, bazoʻr jilmayganicha qutladi. Ot ustida magʻrur oʻtirgan yelkador bu yigitga qarab: «baxti kulgan ekan, boshiga doʻppi, beliga belbogʻ yarasharkan», deb qoʻydi. Kelin bolaning kimligini soʻramadi. Sarvarning Lolaxonga uylanayotganiga amin edi. Yanglishmadi.

Shundan soʻng bu bekatda Sarvarni yana ikki marta koʻrdi. U Sarvarni avvallari koʻp marotaba koʻrgan boʻlsa-da, uch uchrashuv xotirasiga muhrlanib qolgan edi. Shulardan biri - ot ustida kulimsirab oʻtirgan Sarvar.

Ikkinchisi...

Yozda urush boshlandi.

Kuzda Sarvar bilan uchrashdi. Yonida Lolaxon. Koʻzlari qizargan. Boshini Sarvar akasining yelkasiga qoʻyib xomush turardi. Sarvar Mansurni koʻrib negadir jilmaydi. Bu ot ustida oʻtirib toʻyga aytgan yigitning jilmayishi emasdi.

Hamma oʻzi bilan oʻzi ovora edi. Mansur sekingina oʻzini chetga oldi. Uning vazifasi yigitlarni kuzatish emas, odamlar tarqalganidan keyin supurib-tozalash.

Poezd oʻrnidan jildi. Ufqda quyosh - goʻyo qip-qizil barkash, osmon etagiga omonatgina osilib turardi. Poezd quyoshni moʻljalga olganday toʻgʻri oʻsha tomon yurdi. Bora-bora quyosh bagʻriga kirib ketdi - koʻrinmay qoldi. Mansur shuncha yil bekatda ishlab, bunday manzaraga e’tibor bermagan ekan.

«Tavba, quyosh yutib yubordimi?»,-deb qoʻydi u oʻzicha.

Mansur bilan Lolaxon oʻrtasida salom-alikdan boshqa aloqa yoʻq edi. Farrosh indamay yurgani bilan ayolni zimdan kuzatardi. Shuning uchun ham kitel kiygan, baqbaqasi osilgan, beoʻxshov qorin qoʻygan kishining suv doʻkoni atrofida aylanishib yurganini darrov sezdi. Lolaxon koʻzga yaqin, koʻrkamgina juvon boʻlgan edi. Uning hayoti, husni ayni bahor pallasini boshdan kechirayotgan edi. Mansurning nazdida u oʻzini asray olmadi: nobop shamolga uchradi. Suv doʻkoni atofida yurgan beoʻxshov semiz kishi lobar ayol bahorini xazon qilguvchi ayamajuz edi.

Oradan bir yarim yilcha vaqt oʻtgan edi...

Tushga yaqin poezd kelib toʻxtadi. Harbiy kiyimdagi bir qiz Mansurni chaqirdi:
— Hoy amaki! Amaki, deyman, bu yoqqa keling, qarashib yuboring.

Zambildagi odam Mansurga tanish koʻrindi. Yuzidagi chandiqlarni hisobga olmaganda Sarvarning oʻzi edi.
— Mansur aka, assalomu alaykum, tanimayapsizmi? Sarvarman...
— Sarvarbek! Omonmisiz, birodar?..

Mansurning koʻrishmoq uchun uzatgan qoʻli havoda muallaq qoldi. Sarvar hazin jilmaydi. Uning bu jilmayishida qandaydir alam, oʻkinch bor edi. Mansur buni sezdi. Etlari jimirlashib ketdi.
— Shunaqa boʻlib qoldi, Mansur aka. Qoʻl-oyoqlarni Stalingradga tashlab kelyapmiz.
— Yo alhazar! Ishqilib, boshingiz omon ekan, shunisiga shukur! Men hozir, birodar... hozir...

Mansur shunday deb, shox tashlaganicha yugurib suv doʻkonga bordi:
— Lolaxon, singlim, suyunchi bering: Sarvarbek keldilar!

Lolaxon bu xushxabarga ishonqiramay soʻradi:
— Kim dedingiz?
— Sarvarbek, oʻrtogʻingiz...

Sarvar zambilda yotganicha, oʻsha alamli jilmayish bilan xotinini qarshi oldi. Lolaxon bir narsadan choʻchiganday zambil yaqinida toʻxtadi.
— Sarvar aka?..
— Lolaxon... mana...

Lolaxon asta tiz choʻkdi. Choyshabning bir uchini avvaliga choʻchibgina koʻtardi. Keyin qandaydir kuch uni majbur qilganday, choyshabni butkul ochib yubordi-da, dahshat bilan qichqirib, oʻrnidan turdi. Orqaga tisarildi.
— Yoʻq, yoʻq!- u shunday deb nido qilganicha harbiy kiyimdagi hamshiraga yuzlandi:-Erimni qanday olib ketgan boʻlsalaring menga shunday qaytarasanlar.! Yoʻq, yoʻq! Endi u odam boʻlmaydi. E, Xudoyim, peshonam shunchalar ham shoʻr boʻladimi, a?!

U oʻkrab-oʻkrab yigʻlardi. Mansur ham, hamshira ham uning ovunishini kutib jim turishardi. Sarvar labini tishlab olgan, koʻz yoshlarini tiya olmasdi. Lola ovunmadi:shasht bilan burilib, yugurib ketdi. Uning bu yigʻisi Sarvar urushga ketayotgandagi yigʻisiga sira oʻxshamas edi.

Sarvarni tibbiy mashinada qaergadir olib ketishdi.

Mansur uni boshqa koʻrmadi.

Suv doʻkoni atrofida turli-tuman erkaklar koʻp aylanishadigan boʻlishdi.

Mansur Lolaxon bilan salom-alikni yigʻishtirdi.

O'shandan keyin necha marta bahor keldi. Mansurning sochiga oq oraladi. Sogʻ oyogʻidan ham quvvat ketdi. Ishini yarimlamay turib oyogʻi sanchib ogʻriy boshladi. Supurgisini sudrab borib, bekatga kiraverishdagi oʻrindiqqa oʻtirdi. Shu yerda oʻtirgan kishi unga bir qarab olib, salom berdi.
— Tanimadingiz, a?-deb soʻradi.
— Koʻzimga issiq koʻrinyapsiz-u, eslolmayapman, qarichilikda, birodar...
— Urush boshlangan yili doʻstim bilan shu yerga kelib sizni toʻyga aytgan edik.
— Kim bilan?
— Sarvar bilan. Kelin suv doʻkonida ishlardi, esladingizmi?
— Ha, ha. yodimga tushdi. Ikkovinglar saman otda edinglar. Xoʻp yarashgan edi-ya!
— Qoyilman, xotirangiz zoʻr ekan.
— Sarvarbek... omonmilar? Hozir qaerdalar?
— Toshkentda. Hozir uning oldiga ketyapman. Ertaga dissertatsiya yoqlaydi.
— A, labbay?
— Olim boʻlyapti oshnam.
— Bir oʻziga qiyindir?
— Nega bir oʻzi boʻladi, oilasi bor. O'gʻli ham katta yigit boʻlib qolgan. Birinchi xotini haliyam shu yerda ishlaydimi?
— Qaerga ham borardi...

...Ana shu Lolaxon ikki kun ilgari oʻlibdi. Murda ikki kun qarovsiz qolibdi. Keyin savobtalab qoʻshnilar uni qabrga qoʻyib kelishdi. Hassakash ham yoʻq, uyda aza ochuvchi ham yoʻq.

Bu voqeaga bir odam goʻyo farqsizday...

...bekat binosi ham mish-mishlarga parvo qilmaydi. U avvalgiday mungʻayib turibdi...

Oltinchi kupening eshiga haligacha yopilmagan, chirogʻi ham oʻchirilmagan edi. Kupega ketma-ket kirib kelgan ikkala yoʻlovchi ham bosh qimirlatib salomlashganicha hali bir-birovlariga soʻz qotishgani yoʻq. Vagonogʻasi tashlab ketgan choyshab, sochiq, yostiqjild taxi buzilmay yotibdi.

Norboʻta avvaliga qoʻlidagi gazetalarga koʻz yugurtirgan boʻldi. Uning nigohi satrlarda boʻlsa-da, xayoli boʻlak fikrlar bilan band edi:

«Qorayibdi, ozgina toʻlishibdi. Husni ilgarigidan ham ochilibdi. Men u bilan salomlashdim. U nima uchun indamay ketyapti? Gapirishni istamayapti? Yo oʻzim soʻz boshlaymi? Nima deyman? Siltab tashlasa-chi?..»

Margʻuba deraza osha tashqariga tikilib oʻtiribdi. Bu oʻtirish oʻziga ham noqulay tuyuldimi, yaltiroq qora sumkachasidan kitobcha chiqarib, oʻqishga tutinganday boʻldi. Kitobchani u oʻqib bitirgan, ammo hozir satrlarga koʻz tikib oʻtirishdan oʻzga chora topolmagandi.

«Qayoqqa ketyapti? Uyigami? «Institutda omadi yurishmadi», deyishgan edi. Shu toʻgʻrimikin? Qiziq, nimaga indamayapti? Atayin qilyaptimi yo gapirishga yuzi chidamayaptimi? Hech oʻzgarmabdi. Qishlogʻiga borayotgan boʻlsa yana sakkiz soat yuramiz... Nega gapirmaydi?..»

Norboʻta juvon nigohining bir sahifadan uzilmay turganini sezdi. Yengil yoʻtalib, oʻrnidan turdi.
— Joyingizni solib yoting, men yoʻlakka chiqib turaman. Charchaganga oʻxshaysiz,-dedi.
— Yoʻq, yoʻq,-dedi juvon shoshib,-bezovta boʻlmang. Men baribir poezdda uxlay olmayman. Siz bemalol yotavering, men chiqib turaman.
— Men ham poezdda uxlay olmayman...

Yana joylariga oʻtirishdi. Yana jim qolishdi.
— Hali ham oʻsha yerdamisiz?-dedi Norboʻta bir zumdan soʻng.

Margʻuba «qaerdaligimni rostdan bilmaysizmi?» deganday unga bir qarab oldi. Norboʻta bilardi, lekin ayni damda gap boshlashga oʻzga bahona topa olmadi. Margʻuba uning hamma narsadan bexabar ekaniga ishonganday boʻlib javob qaytardi:
— Ha, oʻzingiz bilgan oʻsha maktabdaman.
— Direktor hali ham Rasul akamilar?

Margʻuba endi unga «nahot bilmasangiz?» degan ma’noda oshkora ajablanib qaradi:
— Yoʻq... u kishi olamdan oʻtdilar...

Norboʻta juvonning nigohiga dosh berolmay pastga qaradi.

«Ustozining taqdiriga shunchalar befarqmi?» deb oʻyladi Margʻuba. Institutda oʻqib yurishganida Norboʻta Rasul akani koʻp eslab: «Ustoz boʻlmaganlarida men bu yerga oʻqishga kelolmasdim. Menga ruhsat olib beraman, deb rais bilan achchiqlashib olishgan. O'qish bitgach, oʻzimning bagʻrimga kelasan, deb oq fotiha bergandilar», derdi. Alhol, shu soʻzlar yigitning ham juvonning ham xayolidan oʻtdi.

Norboʻta ustozi bilan boʻlgan soʻnggi uchrashuvni esladi. «Senga buyruq berolmayman, senga mening hukmim oʻtmaydi. O'zingga yetarli aqling bor. Koʻnglingga qaer xush yoqsa oʻsha yerda boʻlishing mumkin. Lekin yelkangdagi tuz haqqini unutishing mumkin emas. Sendan rajimayman. Faqat... koʻp yillik umidimning yuziga tuproq tortish menga ogʻirlik qilyapti...»

Ular soy boʻyida, eski koʻprikka yetmasdan xayrlashishgan edi. Koʻzlari qisiqroq, burni yapasqiroq, biroq istarasi issiq, sochlariga oq oralagan, oddiy dehqon kabi kiyinib olgan Rasul aka...

Norboʻtaning koʻz oldida u endi shu koʻrinishda saqlanib qoladi.

«Umidiga men tuproq tortgan edimmi? Endi baribir emasmi? Axir oʻzlari qorongʻu va zax yer bagʻridalar-ku?.. «O'rnimga oʻzing direktor boʻlasan», derdilar. Kiziq... hozir kim ekan?»
— O'rinlariga kim boʻldi?-deb soʻradi Norboʻta bir necha nafaslik sukutni buzib.
— O'gʻiloy opa.
— Ilmiy mudirami? Uning oʻrniga-chi?
— Men...

Norboʻta buni kutmagan edi. Shuning uchun yana jim qoldi. Lekin bu jimlik uni noqulay ahvolga solib, suhbatni davom ettirishga undadi:
— Uyingizga tushuvdingizmi?
— Yoʻq, uyga kirib-chiqishga vaqt boʻlmadi. Moskva poezdidan tushdimu bunga chiqa qoldim.

Norboʻta unga savol nazari bilan tikilib, gapining davomini kutdi. Margʻuba bu qarashning ma’nosini anglasa ham koʻzini olib qochib, indamadi. Norboʻta qayta soʻramadi.

«Moskvadan kelyaptimi? Birorta majlisga borgan shekilli? Hozir maktabda ish qaynaydigan payt. O'ynagani bormagandir... Sevishib, ahd-paymon qilgan kunlarimiz esidamikin? O'pich bergani-chi? Esidadir. Lekin endi bundan nima foyda? Endi u boshqa odam, men boshqa odamman. Nima uchun qishloqda qoldi? Menga oʻchakishdimi yo rostdanam qishloq yoqib qoldimi? Yo shaharga qaytib borishga yuzi chidamadimi? Qaytib ketmagani uchun balki hozirgacha oʻkinar? Nega oʻkinadi? Baxtli boʻlsa-chi? Tursun traktorchiga tekkani rostmikin? Taqdir qiziq ekanda... Unga mening qishlogʻim yoqdi. Men esam uning shahridan koʻngil uzolmadim. Xato qildimmi? Axir qishlogʻiga qaytishni istamaganlar ozmi? «Harobgina yozgi kinoteatr, bahorda pillaxona, kuzda hasharchilarga boshpana boʻluvchi «klub» otli bostirma, choyxona... Bular yoshlik sururiga zid emasmi?» degan edim unga. U esa: «Mehr-chi» degandi. Qanday mehrni nazarda tutgandi? Ota-onam oʻlib ketishgan boʻlsa. Akalarim bilan ota merosni boʻlisholmay olishib yurishim mehrga kirarmidi? Xayrlashayotgan paytida koʻzlarida yosh bor edi. Menga ishonib qishloqqa kelgani uchun xafa edimi yo mening shaharga qaytib ketishim ogʻir botganmidi? «Siz hammani norizo qilib ketyapsiz. Qaytishni oʻylayapsizmi? Yana qaytib kelishga yuzingiz chidaydimi?» devdi. «Yuzingiz chidaydimi...» Bu nima degani? Axir men jinoyat qilmadim-ku? Shaharda baxtimni sinab qaytdim. Ilmda omadim yurishmadi. Izza chekishga loyiq ish qilmadim. Faqat... olti yil qishlogʻimga kelolmadim...»

Margʻuba yana kitobga tikildi.

«U shon-shuhratga intildi. Buni men bilmasmidim? Sezardim. Lekin e’tibor bermagandim. Bir kuni: «Omad eshigingni qoqib turganda andishani oʻylab pusib yotmaslik kerak», degan edi. «Omad» deganda menga ham egalik qilishni nazarda tutganmikin? Unga koʻngil qoʻyishim omad boʻlib tuyulgandir balki? U yaxshi sportchi edi. Darsga nisbatan musobaqalarga koʻproq qatnardi. Bunaqa oʻqishda bilim sayoz boʻlishiga oʻzining akli yetmadimi? Bilmagandir... Bilsa ilmiy ishni orzu qilarmidi? Men esam toʻgʻrisini aytolmadim... Institut rahbarlariga obroʻ olib beruvchi yaxshi sportchi kerak edi. Sportchining butun umri shohsupalarda oʻtmaydi-ku? Pastga tushadigan payti ham boʻladi-ku? Uning pastga tushadigan vaqti yetdimi? Olti yil umrini havoga sovurdi. Xato qilganini endi angladimi? Men-chi? Men xato qilmadimmi? Uni sevdim. Uni deb qishlogʻiga keldim. Ajab, oʻz qishlogʻi koʻziga xunuk koʻrindi-ya! Men shaharga qaytmadim. Xatoim shumi? Yoʻq. Men unga koʻngil qoʻyib xato qilgan edim...»

Vagonogʻasi kirib uning xayolini boʻldi:
— Qizim, istasangiz boʻsh kupe bor, birini ochib beraymi?
— Boʻsh boʻlsa men chiqa qolay,-dedi Norboʻta,-yuklari bilan ovora qilmaylik.
— Shunisi ham ma’qul. Qizim, siz bafurja dam olavering. Ertalab uygʻotib qoʻyaman.

Ular chiqib ketishdi. Margʻuba eshikni qulflab, toʻshakni yoydi-da, yonboshladi.

Vagonogʻasi va’dasiga xilof qilmay ertalab eshikni taqillatganda Margʻuba tushishga tayyor turardi. U narsalarini koʻtarib, dahlizga chiqdi. Ikki kupe narida turgan Norboʻtaga koʻzi tushdi. Koʻzlar toʻqnashdi. Bir-biridan soʻz kutdi. Ikkovidan sado chiqmadi. Norboʻta oʻzini ichkari olib, yoʻl boʻshatdi. Margʻuba oʻtib ketdi.

Margʻuba vagondan pastga tushib, atrofga alangladi. Norboʻta vagon zinasiga oyoq qoʻyganicha undan koʻz uzmay qarab qoldi. Ikki yashar qizchasini koʻtarib olgan erkak Margʻubaga yaqinlashdi. Juvon qizchani bagʻriga bosib oʻpa ketdi Norboʻtaning koʻkragini bir narsa kuydirib oʻtganday boʻldi.

Bu bekatda poezd ikki daqiqagagina toʻxtardi. Teplovoz jilish fursati yetganini ma’lum qilib chinqirdi. Norboʻta pastga tushmay, orqasiga qaytdi.
— O'gʻlim, tushmaysizmi?-deb ajablandi vagonogʻasi.
— Adashibman,-dedi.Keyin qoʻshib qoʻydi:-Tashvishlanmang, haqini toʻlayman.
— Tashvishlanayotganim yoʻq,-dedi vagonogʻasi, soʻng hazil qildi:-Haqini toʻlaydigan boʻlsangiz istaganingizcha adashavering.

Poezd asta jildi. Qizchasini bagʻriga bosgan Margʻuba, yuklarini koʻtarib olgan erkak, mungʻayib turgan bekat binosi ortda qoldi.Bularning barchasi Norboʻta uchun goʻyo begona edi...

* * *
Koʻp sirlarni bagʻriga singdirgan bekat hamon oʻz oʻrnida. Sogʻingan yuraklar uni koʻrganda shodlikdan yonadi. Kimlargadir esa begona...