OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Tohir Malik. Davron (qissa)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiDavron (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm147KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/22
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Davron (qissa)
Tohir Malik

«
— Sen bilan men hatto u dunyoda ham koʻrishmasak kerak. Nimaga shunday ekan?
— Fe’limiz boshqa-boshqa.
— Fe’l emas, dunyoqarash, degin. Qiziq, ikkovimiz ham odam bolasimiz, lekin koʻrinishimiz oʻxshamaydi. Ikkovimizda ham salkam uch kilolik miya bor, biroq, boshqa-boshqa fikrlaymiz. Hatto kasbimiz bir, ammo tutgan yoʻlimiz ayri. Hamma gap ana shu tanlangan yoʻlda boʻlsa kerak. Ikkovimiz poezd yoʻlidagi ikkita relsdamiz. Ketaveramiz, ketaveramiz, yoʻlimiz esa sira kesishmaydi.
— Bunga hojat bormikin?
»

Muqaddima

Ularning chorbogʻlari bir-biriga tutash, devor oʻrniga qator olcha ekilgandi. Chiroyda tengi yoʻq boʻlib yetishib borayotgan sarvqad qiz ham, pahlavon kelbatli yigit ham qosh qorayib, uydagilari uyquga ketgach, shu olchalar poyiga oshiqar edilar. Bu tun nechundir yigit hayalladi. Qiz barglarning sirli shivirlashiga quloq tutib uzoq oʻtirdi. Barglar shabadada shunchaki titrayaptimikin yoki oʻzlarining tilida suhbat quryaptimikin? «Suhbat... Hamma oʻzicha gaplashadi. Hayvonlar ham oʻzicha tillashadi. Odamlar ularning soʻzlariga tushunmaydilar. Bu xudoning irodasi. Ammo... bir xil tilda soʻzlashuvchi odam zoti ham ba’zan bir-birini tushunmay qoladi-ku? Bu ham Tangrining irodasimikin yo odam zotining aqli qosirligimi? Ajab... Belga urib qolgan oʻt-oʻlanlar ham soʻzlashayotganga oʻxshaydi. Balki ular ham bir-birini yaxshi koʻrar, rozini aytar... Yoʻgʻ-e, axir ular jonli emas-ku? Nimaga, u bechoralarning ham joni bor. Bahorda koʻkaradi, yozda yashnaydi, kuzakda esa quriydi. Oʻladimi, demak joni bor. Faqat umri qisqa. Dunyoning yaralishi ajabtovur...»

Sharpa sezilib, qizning xayoli boʻlindi. Uning koʻzlari yigitni qorongʻida ham ilgʻashga koʻnikib qolgan...

Ular kichkina ariq labiga oʻtirdilar. Jim qoldilar. Yigit xoʻrsinib qoʻydi. Oshiq-ma’shuqlar faqat bir-birlariga termilish, xoʻrsinish uchungina fursat tanlamaydilar. Yuraklaridagi surur koʻp hollarda andishadan ustun chiqadi. Ammo bu tun yigit qalbidagi, vujudidagi gʻalayon jilovda. Uning ichiga chiroq yoqsa yorimaydi. Shu bois jimgina, maylini sukutga berib oʻtirdi. Nihoyat, yigit soʻz ochdi:
— Yangilikni eshitganingiz bordir?
— Qulogʻimga chalindi, — dedi qiz. — Bu qarorning sababini tuzuk anglamadim.
— Biz, akam-otam, uchovlon boʻlib ne zahmat bilan bezak ishlasag-u, rohatini boytogʻa koʻrsa? U bezaklarni podshohi olamga oʻz nomidan oʻtkazar ekan. Boytogʻaning qoʻlidan hech bir ish kelmasligini bila turib unga tahsinlar oʻqiydilar, zarga oʻraydilar, marhamatlarini ayamaydilar. Bizning ohimizni hech bir zot eshitmaydi. Endi boʻlak shahristonga ketamiz.
— Meni oʻylamaysizmi?
— Otamga aytishni ixtiyor qilyapman. Ammo siz tomondan boʻladirgan rizolikka umid yoʻq. Rizo boʻlisharmikin?
— Nevlay?

Yana jim qolishdi. Ariqdagi suv shildiramaydi. Goʻyo koʻkmak oʻtlar qilvir qoʻllari bilan suvni jilovlab, boʻgʻziga chang urganlar.

Qiz ham, yigit ham orzu-umidlarining bir umr amalga oshmasligini yaxshi bilishardi. Ayniqsa qizning akasi boytogʻaning toʻngʻichini boʻgʻizlab qoʻygach, taqdirning ayovsiz amri oldiga tiz choʻkishdan oʻzga choralari yoʻqligini anglab yetdilar. Boytogʻa farzandining qoni uchun xun talab qilardi. Qizning otasi bor mulkini berishga tayyor edi. Ammo boytogʻa mulkka muhtoj emas — xun evaziga qotilning singlisini olmoqchi edi. Uning oʻgʻli shu qizga yetishaman, deb nojoʻya qadam tashlab, nopok niyati uchun jonidan judo boʻlgan edi. Ne ajabki, boytogʻaning ilinji ham shu qizda ekan. Yorugʻ olamda bundan ziyod qabihlik yoʻqdir. Oshiq-ma’shuqlar boytogʻaning talablaridan ogoh boʻlsalar-da, bu xususda soʻz ochmaydilar. Har biri pinhona dard chekadi. Bu dilporalik yetishmagandek bugun yigitning otasi oʻzga shahristonga koʻchishni ixtiyor qildi...

Qiz tizzasini quchganicha yulduzlarga qaradi:
— Yulduz uchyapti, — dedi u siniq ovoz bilan.
— Kimningdir joni uzildi, — dedi yigit osmonga qarab olib.
— Qarang-a, u oʻchmayapti.
— Ha. Oʻchmayapti. Voajab! Ne sir ekan?

Ular koʻzlarini uzmay uchar yulduzga qarab qoldilar. Shabada turdi. Qiz seskandi. Yigit uni bagʻriga oldi.
— Qoʻrqyapman, — dedi qiz.
— Katta odam oʻlyapti shekilli, — dedi yigit, — jon berishi ogʻir oʻtyapti.

Uchayotgan yulduzning falakda qoldirayotgan nurli izi tobora kattalashib borar, soʻnishidan darak yoʻq edi. Yana bir qancha fursat shunday oʻtirdilar. Keyin qiz qoʻrqib uyi tomon ketdi. Yigit ham iziga qaytdi. Ayvon ustuniga suyanganicha yulduzga tikilib turdi. Soʻng akasini, otasini uygʻotdi. Ular ham hayrat bilan uzoq vaqt turib qoldilar. Bu orada shahar ahli asta uygʻona boshladi.

Yarim tunda yonar yulduz ancha kattalashgan, shahristonda sarosima boshlangan edi. Odamlar koʻchalarga chiqqan, gulxanlar yoqilgan, ibodat va iltijo avjida edi. Shamol ham kuchayib chang-toʻzon koʻtarilgandi.

Yulduz kattalashgach, unga qarash mumkin boʻlmay qoldi. Odamlar orasida «Quyosh uzilib tushyapti», degan vahima tarqaldi. Yulduzning kattaligi bir qulochga yetganda nimadir qattiq qarsilladi. Yer qimirladi. Hammayoq yorishib ketdi. Shahristonni dod-faryod bosdi. Yer yanada qattiqroq silkindi. Daraxtlar qirsillab, egilib boraverdi. Dam oʻtmay zamin mavjlanayotgan dengiz toʻlqini singari chayqala boshladi. Bir nafasda tubsiz jarliklar paydo boʻldi. Qandaydir bir kuch majnuntolga oʻxshab qolgan daraxtlarni ildizi bilan qoʻporib tashlardi. Yerga yaqinlashayotgan yulduzning yorugʻi koʻzlarning nurini kesdi. Hammayoq sariq tusga kirdi. Yana nimadir qattiq qarsilladi. Shu tobning oʻzida chor atrof birdan jimib qoldi. Dod-faryodlar tindi. Panoh istab yugurayotgan, bir-birining pinjiga kirib dir-dir titrayotganlar ham, beshigini mahkam quchgan ayol ham, bosib tushgan ayvon ostida qolgan onasini tortayotgan yigit ham — harakatdagi butkul jondorlar, hatto dov-daraxtlar ham toshdek qotdilar. Faqat bir narsaning kuchli guvillashi uzoq eshitilib turdi.

Guvillash tinib, yer qimirlash toʻxtab, uzoqdagi «olovli yulduz» soʻnganida quyosh terak boʻyi koʻtarilgan edi. Shahriston xarobaga, odamlar sariq toshlarga aylangandi.

Olov purkagan yulduz oʻrnida tuxumni eslatuvchi bir buyum — olis sayyora elchilarining kemasi qorayib turar edi.

Shu voqeadan soʻng quyosh ikki qayta zaminni yoritib, ikki marta magʻrib sari bosh qoʻydi. Uchinchi bor mashriqni qizartirib koʻtarilar chogʻida qorayib turgan tuxumsimon kema atrofida harakat sezildi. Avvaliga uch quloch keladigan chigirtkasimon temir maxluq — uzoqdan turib boshqariluvchi sayyorapoy koʻrindi. U to qosh qorayguncha yon-atrofda izgʻib yurdi. Keyin iziga qaytdi. Kemaning yumaloq tuynukchalarida nur koʻrindi.

Ertasiga tong otarda sayyorapoy chiqqan kattaroq tuynuk ogʻzida xuddi odamga oʻxshovchi, lekin odamdan bir necha karra baland va qoruvli, boshiga savatsimon shaffof shisha qoʻndirgan, oʻzidan koʻzni olgulik nur taratuvchi ikki kimsa koʻrindi. Ular ehtiyotlik bilan bir necha qadam ilgari bosishdi.
— Kiv, — dedi sal oldinda borayotgani, — hisobda yanglishganga oʻxshaymiz. Qoʻnadigan maydonimiz bunday qattiq emas, oʻzimizning Unetdagiday yumshoq tuproqli boʻlishi kerak edi.
— Ha, — dedi Kiv atrofga alanglab, — rangi ham boʻlakcha. Bizga qoramtir boʻlib koʻringan edi. Sariqligiga ajablanyapman. Unetdan kuzatganimizda bu soʻniq yulduz xira nur taratgan edi. Agar yulduzning butun sathi sariq boʻlsa, Rekning gapi toʻgʻri boʻlib chiqadi. Unetliklar uchun mos yerni boshqa yulduzlardan izlash kerak boʻladi.

Endi ular dadilroq qadam qoʻydilar. Yulduz qoʻngan yerning atrofida dov-daraxtlardan ham nishon qolmagan edi. Ular ilgarilaganlari sari bitta-yarimta daraxtga duch kela boshladilar. Kiv sariq toshga aylangan bahaybat chinor qarshisida turib qoldi.
— Nig, buni qara, nimaga oʻxshaydi? — dedi hamrohiga.

Nig chinorga yaqinlashib bolgʻachasini chiqardi-da, daraxtning egilib turgan shoxlariga urib-urib koʻrdi.
— Ajab, toshning bu xil tasviriga tushunish qiyin. Bu menga Unetni eslatyapti. Anavi tomonga qara, bunday toshlar juda koʻp-ku!

Ular harakatsiz qolgan shaharga yaqinlashib kelardilar. Jonsiz buyumlar ularga oʻz sayyoralarini eslatardi — bu joylar goʻyo ular yashaydigan sayyoraning jonsiz tasviri edi. Tiz choʻkkanicha qoʻllarini baland koʻtarib Xudoga nola qilayotgan holda sariq toshga aylangan dastlabki odamni koʻrgach, Nig chap qoʻlini koʻtardi. Orqaroqda kelayotgan Kiv toʻxtadi.
— Bu bizning toshdagi tasvirimiz-ku? — dedi u hayrat bilan.

Nig yana bolgʻachasi bilan tosh odamga yaqinlashdi. Uning ingichka barmoqlaridan birini urib sindirib oldi. Uni kaftiga qoʻyib yana bolgʻacha bilan urdi. Barmoq sopol singari maydalandi.
— Kiv, biz yanglishmaganmiz. Bu yerda hayot boʻlgan. Balki hayot kechirishga sharoit qolmagach, bu xira yulduzni tark etgandirlar. Manavi tasvirlarni esa yodgorlik sifatida qoldirgandirlar?
— Gapingda jon bor. Bulardan bir nechasini dalil sifatida olib ketishimiz kerak.
— Albatta. Qaytishda olamiz.

... Bu shahristonga «olovli yulduz» tushganidan xabar topgan qoʻshni mamlakat hukmdori bir qancha fozillarni toʻplab shu tomonga yubordi. Ular uch kunlik yoʻldan soʻng yerning tobora sargʻayib, qattiqlashib borayotganini sezdilar. Yer tuyoqlar zarbidan jaranglay boshladi. Fozillar olgʻa yurishni ham, qaytishni ham bilmay toʻxtab qolishdi.
— Bu yerlarga Xudoning qargʻishi tegibdi, boʻlak qadam bosmasligimiz kerak, — dedi ularning biri.
— Ammo, shahristonda nima gapligini bilmay qaytmoqqa huquqimiz yoʻq.
— Shahriston ham balki butunicha toshga aylangandir. Shunday deb qaytaveramiz.

Ular tunni shu yerda oʻtkazib tongda bir maslahatga kelamiz, deb qaror qildilar. Soʻl tomonda sargʻayib turgan kimsasiz bostirma ularga boshpana boʻldi. Toʻrt chogʻli yoshi ulugʻroq fozil uy ichiga, olti chogʻli yosh esa ochiq havoga joy qildilar.

Yarim tunda uy yorishib, qush uyqusida yotgan fozillar uygʻonib ketishdi. Tashqariga qarashdi. Baland boʻyli, oʻzidan nur taratib turgan ikki kimsani koʻrib hammalari duo oʻqimoqqa tutindilar. Nurli odamlarning uy tomonga yaqinlashganini sezib, toʻrtovlon oʻzini devor panasiga oldi.

Hovlida yotganlar ham uygʻonib ketishdi. Choʻchib oʻrnidan turgan ikki yigit oʻsha zahoti tosh boʻlib qotdi. Buni koʻrib boshqalarining turishga yuragi dov bermadi.

Kiv bilan Nig ikki yigitning sakrab turganini sezib shu tomonga yurdilar. Lekin ularning ham jonsiz tosh ekanini koʻrib ajablanishdi.
— Nazarimda ular hozir harakat qilganday boʻlishgan edi, — dedi Nig.
— Menga ham shunday koʻrindi. Manavilarni qara, bular yotishibdi. Ular ham tosh. Bu yulduzda jonli mavjudot yoʻq koʻrinadi. Bu toshlarni haykal desak, tartibsiz sochilib yotishi ajablanarli.
— Sirli jumboq ichiga tushib qolganga oʻxshaymiz. Endi kemaga qaytamiz. Bu yogʻiga piyoda yurish xavfli. Vaqt ham koʻp ketadi. Sayohatni sayyorapoyda davom ettiramiz.

Ular shunday deb orqaga qaytdilar.

Nur uzoqlashib qorongʻilik choʻkkach, uydagilar bosh koʻtarishga jur’at qildilar. Faqat devorga orqa qilib oʻtirgan fozilgina qimirlamadi. Fozillardan biri uni asta turtib oʻziga keltirmoqchi boʻldi-yu, qoʻrquv bilan xunuk bir ovoz chiqarib jim qoldi: qariya toshga aylangan edi. Shu koʻyi ular tongga qadar duoyi afsun oʻqib oʻtirdilar. Kun yorishgach, tashqariga chiqishga botindilar. Toshga aylangan yigitlarni, keyin haykalday qotib turgan otlarni koʻrdilar-u, oyoqni qoʻlga olib izlariga qaytdilar.

Koʻp azobli, uqubatli yoʻldan soʻng manzillariga yetib keldilar. Koʻrganlarini chala-yarim aytib, koʻrpa-yostiq qilib yotdilar. Sal quvvatga kirib yura boshlagan chogʻlarida uchchovlari toʻppa-toʻsatdan bir kunda oʻlib qoldilar...

Nig bilan Kiv jonli mavjudot uchratishdan umidlarini uzdilar. Unetdan turib olib borilgan kuzatishlar bu xira yulduzda organik birikmalar mavjudligini, bu moddalarning erishiga mos suyuqlik ham borligini bir necha karra tasdiqlagan edi. Molekulyar komplekslarning vujudga kelishi uchun zarur boʻlgan bu ikki omil ularda umid uygʻotgan, uzoq safarga otlantirgan edi. Umidlari singan elchilar safarlarini noiloj toʻxtatib, kemaga ikki tosh odamni olib chiqdilar.

Yer yana qattiq silkindi. Qorayib turgan tuxumsimon kema ostida olov koʻrindi. Tuproq oʻyilib har tomonga otildi. Oʻlik shahar ustini gʻubor qopladi.

Oradan yillar oʻtdi. Ammo hech kimsa bu jonsiz shahristonga yaqinlashishga jur’at etolmadi. Yurak betlab qadam bosganlar ham koʻp oʻtmay toʻsatdan oʻlib qolaverdilar. «Xudoning tavqi la’nati bosilgan» bu yer kimsasiz va unut boʻlib ketdi.

Beayov yillar shamoli bu voqealarni odamlar yodidan asta-sekinlik bilan oʻchirib haqiqat yuziga afsona niqobini tortdi. «Oʻlik» shaharni esa tuproq zarralari bilan koʻmib tashladi. Soʻngra boʻlib oʻtgan dahshatli voqealardan bexabar odamlar yana bu tomonlarga siljib kelaverdilar. Bir necha odam boʻyi tuproq ostiga koʻmilgan shahar ustida qayta hayot boshlandi. Bu yerga qoʻnoq boʻlganlarning necha-necha avlodi oyogʻi ostida ajabtovur voqealarning guvohi boʻlmish «tilla haykallar» borligini bilmay oʻtdi.

Yigirmanchi asrning soʻnggi choragida amaliyotchi talabalar kelib qolmaganda balki yillar gʻubori ostidagi sirlar yana allaqancha vaqt ochilmay yotar edi.

Vakil

Dotsent Bekmirzaevni qabrga qoʻyib qaytayotganlarida ba’zilar uning qismatiga achinib «Oʻzini oʻtga-choʻgʻga uraverib juvonmarg boʻldi. Keyingi qazishmalari ham behuda edi», deyishdi. «Bekmirzaevning Yozyovondagi ishini toʻxtatish kerak», degan gaplar ham xuddi shu dafn marosimida aytili. Ammo bu shunchaki gap, hali rahbarlar bir qarorga kelishmagan edi. Shuning uchun dotsent Bekmirzaevning Yozyovondagi ishlariga koʻmak berayotgan shogirdi Davron Hasanov zudlik bilan orqaga qaytdi. Yozyovonning kunbotar tomonini egallab yotgan yerdagi qazishma ishlari chala edi. Dotsent Bekmirzaev shu yerda ishchilar bilan chaqchaqlashib oʻtirib birdan yuragini ushladi-yu, tili ham soʻzga kelmay joni uzildi. Birov, garchi hojati boʻlmasa-da, «Tez yordam»ga yugurdi. Davron esa bu mash’um xabarni markazga yetkazdi. «Tez yordam» bir soatga qolmay yetib keldi.
— Bemor qani? — dedi oq xalatli yosh yigit mashinadan tusha solib. Odatda vrach kelganda hamma unga peshvoz chiqardi. Bu yerdagilar esa e’tibor ham qilishmadi. Faqat Davron unga bir qarab olib «Bemor yoʻq», dedi. Vrach gangib qoldi.
— Tushunolmayapman. Axir menga...
— Ancha kechikdingiz.
— A? Mashinamiz yoʻlda... — Vrach odamlarga qarab tushuntirishning ortiqcha ekanini bildi. — Oʻzi nima boʻldi?
— Sivilizatsiya sharofati. Sizlarning tilingiz bilan aytganda — ishemik asr!
— Tushunarli. Kechikkan boʻlsam ham bemorni... marhumni koʻrishim kerak.
— Marhamat, — Davron uni shu atrofdagi yagona daraxt ostiga tikilgan toʻrt kishilik chodir tomonga boshladi...

Davron mashinadan tushishi bilan shu voqealar yana qayta koʻz oldida tiklandi. Chodirlar yigʻilmabdi. Qazuv anjomlari ham tartib bilan terilgancha turibdi. Davronning koʻzi katta chodirga tushdi-yu, yarasi yangilandi. Ustozining soʻnggi onlarini eslab yuragi ezildi.

Oʻn besh kun oʻtmay markazdan ishni toʻxtatish haqida koʻrsatma keldi. Davron dotsent Bekmirzaevning taxmin-hisoblari, oʻzining mulohazalarini bayon etib ishni davom ettirishga ruxsat berishlarini soʻrab xat yozib yubordi. Bir haftadan soʻng eng soʻnggi rasm-rusmlarni oʻrniga qoʻyib kiyingan, qoshlari qizlarnikiday ingichka, xuddi shu qoshlardan andoza olganday ingichka moʻylab qoʻygan, qaddi tik yigit Niyoz Mansurov — Davronning kursdoshi yetib keldi. Davron uni uzoqdan koʻriboq hafsalasi pir boʻldi. Arxeologiyaga mutlaqo begona bu yigitning ma’lum bir chuqur ildizlar orqali oziqlanib bu sohada yurishi faqat unga emas, boshqalarga ham malol kelardi. Ammo bu olqindining kavushini toʻgʻrilashni hech kim udda qilolmasdi. Davron u bilan besh yil birga oʻqib, ba’zan amaliy ishlarda, ba’zan paxta terimida birga boʻlib uning egilganini, tuproq tortganini yo bir chanoq paxtani etakka solganini, umuman korjoma kiyganini koʻrgan emas. Shunga qaramay u diplomga erishdi. Yozyovondagi qazishma taqdirini bir yoqlik qilish uchun yuborilganidan ma’lumki, ishlari ham chakki emas.

Davronning nazarida Niyoz oddiy odamlar singari yashamas edi. U hayotni ulkan teatr deb bilib artistlik qilardi. Toʻgʻri, dunyoni bunday kishilar masalasida gʻarib deb boʻlmaydi. Shunday ekan, Niyoz soʻppayib qolgan artist ham emas. «Hayot teatri»ning yana bir jihati borki, unda rol oʻynayotganlarning ayrimlari niqobsiz, grimsiz harakat qiladi. Bundaylardan faqat nafratlanasan-u, ammo u qadar xavotirlanmaysan. Ayrimlari esa botinan niqoblangan boʻladi. Bulardan nafratlanishni bilmaysan. Chunki zimdan ish koʻruvchi odamga zimdan nafrat bildirish behuda. U bilan doʻst boʻlishni ham, boʻlmaslikni ham bilmay gangib yurasan. Niyoz xuddi shu toifadan. Bir kunda oʻnta odam bilan uchrashsa, oʻn xil niqobda, oʻn xil muomala qiladi. Qay gapi samimiy, qay gapi soxta ekanini xudosi ajratib bermasa, bandasi hal qilishi mushkul.

Niyoz Davronni koʻrishi bilan qulochini keng yoyib keldi-yu, ammo qoʻl berib koʻrishdi. Vaziyatni aniqlash uchun vakil sifatida tashrif buyurganini ma’lum qilib ishlar bilan tanishish istagini bildirdi. Davron uni atayin tuprogʻi koʻpchib yotgan yoʻldan boshladi.

Past boʻyli, toʻladan kelgan Davron ildam odimlaydi. Niyoz esa xuddi portlovchi moddani bosib olishdan qoʻrqqanday ehtiyotlik bilan qadam bosadi. U Davronning ortidan bir oz yurib doʻnglikka chiqdi-da, tuproqqa qorishgan shimining pochasini qoqib toʻxtadi.
— Meni qayoqqa boshlayapsan? Yumronqoziqqa oʻxshab oʻyib yotganlaringni koʻrib turibman. Menga topilgan narsalarni koʻrsat.
— Institutda koʻrmadingmi?
— Besh-oltita sopol parchasini koʻrdim, — dedi Niyoz istehzo bilan.
— Afrosiyobni qazishayotganda ham dastlab sopol parchalari chiqqan, deyishadi? — Davron hamrohining istehzosiga kinoya bilan javob berdi. Niyoz yon choʻntagidan sigara olib labiga qistirdi. Ammo oʻt oldirmadi. Uning bunday viqor bilan turishi ilm olamining vakilini emas, balki gangsterlar boshligʻini eslatardi. Niyoz atrofni kuzatgan boʻlib indamay turdi. Keyin sigaraning uchini tishlab tashladi-da, tutatdi.
— Afrosiyobni, deysanmi? — U sigaraga hali uncha oʻrganmaganmidi yoki qattiqroq tortib yubordimi, har nechuk yoʻtali tutib soʻzini davom ettirolmadi.
— Hatto Pompeyada ham, — dedi Davron yana kinoya ohangi bilan.

Niyoz sigarani qutisiga joylab, choʻntagiga soldi.
— Pompeya bilan Afrosiyobning vaqti oʻtdi, oshna. Sen bilan mening chekimga bunday zoʻr ishlar tushmagan. Shuning uchun koʻrpaga qarab oyoq uzatib yuraverish kerak. Ogʻrimagan boshni ogʻritishdan nima foyda?
— Agar odamda bosh boʻlsa ogʻrib turgani ham ma’qul. Ba’zilariniki butunlay ogʻrimaydi, deyishadi. Ular boshlari borligini ham unutib qoʻyishsa kerak...

Niyoz Davronning nimaga shama qilayotganini tushunib, qoshlarini chimirganicha qarab qoʻydi.
— Ilmiy kengash ma’lumotlaringda arzirli fikr yoʻq, degan qarorga kelibdi.
— Ayrim bilimdon oʻrtoqlar shunday deb ilmiy kengashni chalgʻitgandir?

Davron endi Niyozning «ildizini» — rahbarlik lavozimlaridan birini egallab turuvchi qarindoshini nazarda tutgan edi.
— Men bu yerga ayrim odamlarning istagi bilan kelganim yoʻq.
— Agar ilmiy kengash sen aytgan qarorda boʻlganida qadam ranjida qilishingga mutlaqo hojat qolmasdi. Ishni toʻxtatish haqida qat’iy buyruq yuborishardi. Shunday emasmi?
— Balki... Lekin men yomon niyatda kelganim yoʻq. Pichingsiz gaplashsak boʻlaveradi. Sen meni yoqtirmaysan, buni yaxshi bilaman. Men ham seni koʻray, deb sogʻinib kelmaganman. Buni oʻzing tushunib turibsan. Shunday ekan, erkak kishining ochiqchasiga gaplashgani durust. Oʻrtamizda qarz yoʻq. Amal ham talashmaymiz. Men oʻz nasibamni, sen oʻzingnikini terib yuribsan.
— Juda oʻrinli ajrim qilyapsan. Qani, sigaradan ol, bir tutataylik. — Niyoz unga sigara tutdi. — Oʻzingchi?
— Chekkim yoʻq, — Niyoz shunday deb yoqqichni yoqdi.
— Oʻh-hoʻ, — dedi Davron sigara tutatib, — oʻtkir ekan... Dunyo xuddi ikkiga boʻlinganga oʻxshaydi. Mana, hozirgi gaplaringni qara. Biz besh yil birga oʻqidik. Ammo sira osh-qatiq boʻlganimiz yoʻq. To oʻlguncha salom-alikdan nariga oʻtmaymiz. Hatto u dunyoda ham sirdosh boʻlolmasak kerak. Nimaga shunday ekan?
— Fe’limiz boshqa-boshqa.
— Fe’l emas, dunyoqarash, degin. Qiziq, ikkovimiz ham odam bolasimiz, lekin koʻrinishimiz oʻxshamaydi. Ikkovimizda ham salkam uch kilolik miya bor, biroq boshqa-boshqa fikrlaymiz. Hatto kasbimiz bir, ammo tutgan yoʻlimiz ayri. Hamma gap shu tanlangan yoʻlda boʻlsa kerak. Ikkovimiz poezd yoʻlidagi ikkita relsdamiz. Ketaveramiz, ketaveramiz, yoʻlimiz esa sira kesishmaydi.
— Bunga hojat bormikin?
— Balki yoʻqdir?
— Birga oʻqiganimiz hurmati men barcha injiqligu pichinglaringga chidab beraman. Boshqa odam kelganda nima qilarding? Fikringni qanday isbot etarding?
— Boshqa odam hech boʻlmaganda tuproq tarkibidagi tilladan xulosa chiqarib olardi.

Oʻn besh kun oʻtmay markazdan ishni toʻxtatish haqida koʻrsatma keldi. Davron dotsent Bekmirzaevning taxmin-hisoblari, oʻzining mulohazalarini bayon etib ishni davom ettirishga ruxsat berishlarini soʻrab xat yozib yubordi. Bir haftadan soʻng eng soʻnggi rasm-rusmlarni oʻrniga qoʻyib kiyingan, qoshlari qizlarnikiday ingichka, xuddi shu qoshlardan andoza olganday ingichka moʻylab qoʻygan, qaddi tik yigit Niyoz Mansurov — Davronning kursdoshi yetib keldi. Davron uni uzoqdan koʻriboq hafsalasi pir boʻldi. Arxeologiyaga mutlaqo begona bu yigitning ma’lum bir chuqur ildizlar orqali oziqlanib bu sohada yurishi faqat unga emas, boshqalarga ham malol kelardi. Ammo bu olqindining kavushini toʻgʻrilashni hech kim udda qilolmasdi. Davron u bilan besh yil birga oʻqib, ba’zan amaliy ishlarda, ba’zan paxta terimida birga boʻlib uning egilganini, tuproq tortganini yo bir chanoq paxtani etakka solganini, umuman korjoma kiyganini koʻrgan emas. Shunga qaramay u diplomga erishdi. Yozyovondagi qazishma taqdirini bir yoqlik qilish uchun yuborilganidan ma’lumki, ishlari ham chakki emas.

Davronning nazarida Niyoz oddiy odamlar singari yashamas edi. U hayotni ulkan teatr deb bilib artistlik qilardi. Toʻgʻri, dunyoni bunday kishilar masalasida gʻarib deb boʻlmaydi. Shunday ekan, Niyoz soʻppayib qolgan artist ham emas. «Hayot teatri»ning yana bir jihati borki, unda rol oʻynayotganlarning ayrimlari niqobsiz, grimsiz harakat qiladi. Bundaylardan faqat nafratlanasan-u, ammo u qadar xavotirlanmaysan. Ayrimlari esa botinan niqoblangan boʻladi. Bulardan nafratlanishni bilmaysan. Chunki zimdan ish koʻruvchi odamga zimdan nafrat bildirish behuda. U bilan doʻst boʻlishni ham, boʻlmaslikni ham bilmay gangib yurasan. Niyoz xuddi shu toifadan. Bir kunda oʻnta odam bilan uchrashsa, oʻn xil niqobda, oʻn xil muomala qiladi. Qay gapi samimiy, qay gapi soxta ekanini xudosi ajratib bermasa, bandasi hal qilishi mushkul.

Niyoz Davronni koʻrishi bilan qulochini keng yoyib keldi-yu, ammo qoʻl berib koʻrishdi. Vaziyatni aniqlash uchun vakil sifatida tashrif buyurganini ma’lum qilib ishlar bilan tanishish istagini bildirdi. Davron uni atayin tuprogʻi koʻpchib yotgan yoʻldan boshladi.
— Men uchun biror kuningni ajrata olasanmi? — deb soʻradi Niyoz chodirga yaqinlashganlarida.
— Nima edi?
— Komandirovka muddati bir hafta. Shu atrofda yaxshi yerlar bor, deb eshitaman.

Ikki kundan beri Davronning yuragi siqilib qadrdonlarini qoʻmsayotgan edi. Shu uchun «Mehmonning istagi bahona boʻlib oyoqning chigilini yozsammikin», degan xayolga keldi-da, «Yaxshi, erta boʻlsin-chi, biror yoqqa boramiz», dedi. Niyoz Davronning darrov koʻna qolganidan hayron boʻldi. Chunki u «Qandaydir bahonani pesh qilib, iltimosimni yerda qoldiradi», deb oʻylagan edi.

Oqshom tushib, chodir yonida davra qurildi. Gulxan yoqildi. Qorayib ketgan qumgʻondagi suv qaynab-toshib goʻyo oʻtni oʻchirmoqchi boʻladi. Gulxanning qumgʻon turgan tomoni bir oz pisillab, tutaydi-da, keyin yana alanga avjiga qoʻshiladi. Davron sim halqani qumgʻonning boʻyniga ilib uni otash bagʻridan oldi. Bir kaft quruq choy tashlab, uch bora qaytardi. Hamisha qiziydigan davra bugun, mehmon bor uchun, uncha qovushmay turardi. Qirgʻiyburun mehmonning kibr bilan gapirishi gurung me’yorini buzib qoʻygandi. Natijada bu safargi choy oxirigacha ichilmadi.

Niyoz yoʻl yurib charchaganidanmi yo shaharda barvaqt yotishga koʻnikkani uchunmi, chodirga kirib ketdi. Davron yigʻma karavotini tashqariga olib chiqib yoydi. Junchoyshab tashlab chalqancha tushganicha qoʻllarini yostiq qildi. Uyqusi kelmadi. Osmon toza. Yulduzlar jimirlaydi. «Qaysi bir shoir paxtazorni yulduz toshgan osmonga oʻxshatgan edi. Bir qaraganda chiroyli taqqos. Agar u paxtaning taftini his qilganda sovuq yulduzlarga qiyos etmas edi. Oʻsha shoir ham Niyozga oʻxshagan odam-da. Soqi sumbati joyida, yuragi esa faqat qon haydash bilan band. Lekin sezgi, his, tuygʻu, dard degan tushunchalar mutlaqo begona. Niyoz oʻzicha menga yordam qilmoqchi. Rozilik berishga majburman. Boʻlmasa, ish chala qoladi. Odam koʻp hollarda ongli ravishda ongsizlik qiladi. Bilib turib, istagiga, maslagiga zid ravishda qadam tashlaydi. Hamisha shunday boʻlib kelgan. Nahot bu davom etsa? Yoʻq, qachondir bunga chek qoʻyiladi. Kim chek qoʻyadi? Kimdir birinchi boʻlib Niyozlar toifasiga qarshi chiqadi. Kimdir? Kim? Nima uchun men emas? Qoʻrqamanmi? Nimadan? Jur’atim yetishmaydimi? Qoʻrqmayman, jur’atim ham yetarli. Ammo yolgʻizman. Toʻgʻri, hozircha atrofimda maslakdoshlarim bor. Biroq, hujum boshlangach, chekka-chekkaga chiqib oluvchilar koʻpayadi. Kurashga chogʻlanganlarning biri Asad Bekmirzaevich edi. Haybarakallachilar koʻp boʻldi. Majlis chaqirishdi. Asad Bekmirzaevich ularning qalqoniga aylandi. Qingʻir ishlar fosh qilindi. Akademiyaga xat yuborish masalasi koʻtarilganda biri: «Ikki marta uylanganman, sharmandam chiqadi», dedi, biri: «Ilmiy kengash a’zosiman, qoʻl qoʻyolmayman», dedi, yana biri: «Toʻgʻri-yu, toʻgʻri emas-da», deb lanjlik qildi. Qani, qani, deb ragʻbatlantirgan azamatlar oqibatda, «Qoziqning boshi ham, uchi ham boʻlma», degan maqolga sodiq qolishdi. Akademiya prezidentiga Asad Bekmirzaevichning oʻzi roʻpara boʻldi. Uning dalillari isbotlanib, institutda oʻzgarishlar roʻy berdi. Yoʻqsa, butunlay yomonotliqqa chiqardi. Hayotning chalkashliklari behisob ekan, tishimiz oʻtmaydigan muammolari garang qilib yuboradi kishini... Xudo jonivorlarni yaratganda, yaxshi hamki, tuyaga shoxu mushukka qanot bermagan, deyishadi. Shu fozilligini Xudo odamlarga ham ishlatmagan ekan-da. Odamni yaratgach, mansablarni qalashtirib «Istaganingni tanlayver, qobiliyatingga emas, istagingga qara. Agar shu bilan toʻysang, olaver», degan shekilli. Koshki mansabparast odamni toʻydirish mumkin boʻlsa! Asad Bekmirzaevich haqiqat uchun kurashdi. Lazzatini esa mana shu Niyozning qarindoshi totdi. Oʻroqda yoʻq, mashoqda yoʻq, xirmonda hozir, deydilar-ku. Toʻgʻri gap. Niyoz ham qarindoshidan oʻtib qayga borar edi! Mana, vakil boʻlib kelibdi. Kechagina arxeologiya desa, qulogʻini koʻrsatardi. Oʻnta darsdan bitta choyxona palovni afzal koʻrardi. Endi menga aql oʻrgatmoqchi. Butun bir ekspeditsiyaning taqdirini hal qilmoqchi. Toʻgʻri, mablagʻ ketyapti. Davlatning pulini behuda sovurmasligimiz kerak. Lekin hamma narsani pul bilan oʻlchab boʻlmaydi-ku! Balki xalqimiz tarixida yangi sahifa ochuvchi manbalar xuddi shu tuproq ostidadir. Buni Niyoz hech qachon fahmlay olmasa kerak... Gʻuj-gʻuj yulduzlar. Osmon qaynayotganga oʻxshaydi. Yulduz uchdi. Osmonni poralab, uzun nurli iz qoldirib soʻndi. Ilgarilari shunga qarab «bir odam oʻldi», deyishardi. Necha yuz yillar shu fikr hukmron edi. Endi kometa yoki meteorit uchdi, deb izohlashadi. Fanda isbot etilgan bu fikr yillar davomida hukmronlik qilar, lekin mutlaq boʻlolmas. Balki bularning bari kometa emasdir? Balki bu biror fazoviy kemaning izidir? Balki u uzoq yulduzdan biz tomonga kelayotgandir. Uning nuri fazoning qaysi bir boʻlagida koʻrinib qolgandir. Boʻlishi mumkin-ku axir? Biz bir qoidaga mahkam yopishib olishga oʻrganib qolyapmiz...»
— Mulla Davronbek, uxlaganingiz yoʻqmi?

Davron oʻrta yashar kishining muloyim ovozini eshitib boshvoqsiz xayollar komidan qutuldi. Oʻrnidan turdi.
— Yotavering, tinchingiz buzilmasin. Bu deyman, oʻgʻlim, yulduz sanayatuvdingizmi yo Xizr buvani kutyatuvdingizmi?
— Unisi ham, bunisi ham emas. Qani, Yigitali aka, oʻtiring, — Davron shunday deb karavotdan joy koʻrsatdi. Biroq Yigitali aka doʻnglikka chordona qurdi. Kaftiga nos toʻkib, tili ostiga tashladi. Ellik yoshlarga borib qolgan, tomirlari boʻrtib turuvchi bu kishi ekspeditsiyaga yaqinda qoʻshilgan, aytishicha, raisning koʻzboʻyamachiligiga qarshi chiqib, kolxozdan ketib qolgan edi. Uyi bu yerdan uzoq emas, shuning uchun asosan qatnab ishlardi. Ba’zi-ba’zida gurungtalab boʻlgan kezlari shu yerda tunab qolardi. Peshonabogʻini tangʻib astoydil ishlovchi Yigitali akani barcha behad hurmatlar, u ham yigitlarga oʻgʻlim, deb murojaat qilardi.
— Eski hisob boʻyicha bugun laylatulqadr kechasi. Hamma Xizr buvani kutadi, — dedi Yigitali aka kaftini qoqib. — Menam kutganman. Otam ham kutgan. Otamning otasi ham kutgan boʻlsa kerak. Lekin hech qaysimiz Xizr buvani koʻrmaganmiz. Xizr buva laylatulqadr kechasi koʻringanlarida hammayoq yorishib ketadi, shunda nimaniki ushlasang, oʻsha oltinga aylanib qoladi, deyishardi. Qadimda shu qishlogʻimizdagi bir juvon Xizr buvani koʻrganmish. Qoʻrqqanidan bolasini ushlab olgan ekan, goʻdagi rosmana tillaga aylanib qolibdi. Zor-zor yigʻlabdi bechora. Keyin boshiga muhtojlik tushganida bolasining bitta barmogʻini kesib zargarga sotibdi. Bir yildan keyin laylatulqadr kechasida yana Xizr buva oʻtibdilar. Juvon yana qoʻrqib bolasiga yopishgan ekan, chaqalogʻiga jon kiribdi-yu, kesilgan barmogʻidan qon otilibdi. Bu rivoyatni kichkinaligimizdan qulogʻimizga quyaverib ishontirib qoʻyishgandi. Endi bu gapga hech kim ishonmaydi.

Yigitali aka shunday deb nosni tupurdi-da, toʻnining yengi bilan ogʻzini artdi.
— Bizlar omi boʻlganmiz-da, har narsaga ishonaverardik.
— Ishongan ham yaxshi, Yigitali aka, — dedi Davron, — ba’zilar hech narsaga ishonmay, qolganlarni garang qilib yuborishadi.
— Besh qoʻl baravar emas. Hali bir bashang yigit bilan yuruvdingiz. Ishlarimizni tekshirdimi, nima deydi?
— Ishlarimiz durust ekan.
— Unday boʻlsa mayliga. «Ishni yigʻishtirarkanmiz», degan uzunquloq gaplar oraladi.
— Bu hozircha noma’lum.
— Sizga-ku bari bir. Bu yer boʻlmasa boshqa yerga borib shu ishingizni qilaverasiz. Men yana tavbamga tayanib kolxozga qaytishim kerak. Rayonda ishlay olmayman, shaharga ketolmayman.
— Yigitali aka, paxta ishi shuncha yuragingizni olib qoʻyganmi?

Yigitali aka nima deb javob berishini bilmay qarab qoldi. Nosqovogʻini kaftiga shap-shap urdi.
— E, oʻgʻlim-a, gʻaroyib savollarni berasiz. Dehqonning bolasiga ham shunday deydimi? Men paxtadan boʻlak nima koʻribman bu dunyoda? Oʻn ikki yoshimda yelkamga ketmon tashlab dalaga chiqib kattalar bilan baravar ishlar edim. Paxtadan sira nolimaganman. Paxtadan boʻyin tovlagan dehqonning koʻzi koʻr boʻladi.
— Yigitali aka, aybga buyurmang, yoshlik qilib nooʻrin soʻz aytib yuboribman.

Yigitali aka indamadi. Tomoq qirib qoʻydi. Doʻppisini olib boshini silagan boʻldi. Davron oradagi noqulaylik chodirini koʻtarish uchun soʻzini davom ettirdi:
— Men ham paxtakordan chiqqanman. To maktabni bitirgunimcha daladan beri kelmas edim. Qishloq bolalarining ahvoli oʻzingizga ma’lum. Shu kasbga ishqim tushib, oʻqidim. Bir navi ishlab yuribman. Ammo koʻpincha koʻngil paxtaga tortib ketadi. Dalani qoʻmsab qolaman. Men-ku, sizning oldingizda bir goʻdakman. Dehqonman, deb koʻkragimga mushtlay olmayman.
— Gapingizga tushunib turibman. Oʻzingizni qiynamang. Men rahmatli Asadjonga kolxozdan ketishimning sababini aytmoqchi boʻlganimda «Shart emas, oʻtmishingiz bizni qiziqtirmaydi, halol ishlab bersangiz bas», degan edi. Sizga qiziq tuyulsa, aytishim mumkin. Unvonim boʻlmasa ham paxta ilmini bir olimchalik bilaman. Maqtanyapti, deb oʻylamang. Yerning taftiga qarab turib vaqtida chigit tashlayman, gʻoʻzaning rangiga qarab suv beraman. Boshqalarga oʻxshab radioda «Chigitni tezroq va sifatli ekaylik», desa ekib tashlayvermayman. U yerdagilar oʻtirgan joyida laqillayveradi. Dehqonning kallasi ishlashi kerak, koʻzi oʻtkir boʻlishi lozim. E, bularni sizga uqtirishning hojati yoʻq. Xullas, avval rais bilan urishdim. Dorilaring xalqni ezib yubordi, bas qil, dedim. Unamadi. Hadeganda dori sepadi. Dori deyish ham notoʻgʻri boʻlib qoldi. Dorini-ku, foydasi bor. Paxtaga sepadiganimiz esa naq zaharning oʻzi. Odamlar chekka-chekkadan gapirishadi. Ammo raisga betlashishmaydi. Bir kuni radioda rayonimizni gumburlatib tanqid qilib qolishdi. Qodir Maxsum deganlari «Terim sur’ati past, defoliatsiya kechiktirilyapti», deb qoldi. U-ku, shahardan tashqariga chiqmaydi. Birov yozib berganini oʻqiydi. Bu yerdagilarning kallasi qayda ekan? Havo past kelgan, gʻoʻza vaqtida suv ichmagan. Rivoji sust. Yoʻq, vakil ketidan vakil bosib defoliatsiyani boshlatishdi. Qoʻshni kolxozda boʻlam turadi. Boʻyi yetgan qizi toʻppa-toʻsatdan qaytish qilib berdi. Tekshirib qarashsa, ariqdan suv ichib qoʻygan ekan. Bu qanday bedodlik oʻzi, suv ichsang zaharlansang, nafas olsang zaharlansang. Aybimiz dehqon boʻlib dunyoga kelganimizmi? Paxta ekkanimizga rahmatmi, bu. Men dalaga zahar septirmayman, deb turib oldim. Planni hammadan keyin boʻlsa ham bajardik. Lekin brigadani oqsatib qoʻydi, deb suvchilikka tushirishdi. Hay, dedim. Ota-bobom brigadir oʻtmagan, amalsiz qolsam biror yerim kamaymas. Dalada yurib yerga rahmim keladi. Yer bangiga oʻxshab qolgan. Quruq. Kuchi yoʻq. Turgan bitgani dori. Yerga shunchalar azob beradilarmi-a? Men brigadirligimda bir arava sun’iy oʻgʻit tashlagan yerimga yangisi ikki hissa tashlaydi. Hoy, desam, qaramaydi. Yerga rahmi kelmaydi. Oʻzingni oʻylamasang, bola-chaqangni oʻyla, bachchagʻar, deyman. Bizni boylab bergani yoʻq, erta-indin bir quloch yerni egallab yotamiz. Bu yer bola-chaqamizni, nevara-evaralarimizni ham boqishi kerak. Bu ahvolda ertaga yerda tuproq qolmaydiku. Ohakda paxta yetishtirishadimi? Men yerga achinsam ular qoʻldan ketgan amaliga achinyapti, deyishdi. Tilimni tishladim. Ammo sabr kosasi tubsiz boʻlmaydi, oʻgʻlim. Etakni qoqib, ketmonni soʻriga ilib qoʻya qoldim. Rahmatli Asadjonga uchrashgan edim, ish berdi. Mana shunaqa, oʻgʻlim, non-nasibamiz shu yerda ham bor ekan...

Yigitali aka yana kaftiga nos toʻkdi-da, tilining tagiga tashladi.
— Shuncha qirgʻin ishlarni bilar ekansiz, yozmaysizmi?
— Men dehqonman, shikoyatchi emasman.
— Ie, siz «Men dehqonman», deb qoʻl qovushtirib tursangiz, boshqasi ham shunday desa, haqiqat uchun kim kurashadi? Yo Xizr buvani kutasizmi?
— Toʻgʻrisini aytsam, bir yozish niyatim ham bor edi. Ammo epaqaga keltirishim qiyin. Siz mulla yigitsiz, men aytib tursam, siz lab-lunjini toʻgʻrilasangiz.
— Boʻpti. Bir holi oʻtirsak, uddalaymiz. Men ertaga «bashang yigit»ni bir sayrga olib chiqmoqchiman. Qaytganimdan soʻng, yozamiz.
— Qaerga chiqmoqchisizlar?
— Sirdaryoning boʻyiga.
— Ulovlaring bormi?
— Ulov — oʻzimizning qadrdon avtobus-da.
— Boʻlmasa, menga ham dam bering. Qishloqqa tushib ulovni olib chiqay. Sizlarga qoʻshilib men ham bir yayray.

Davron rozilik bergach, Yigitali aka oʻrnidan turdi. Davronning koʻziga anchagacha uyqu kelmadi. Yana qoʻlini yostiq qilib osmonga tikildi. Samo endi koʻzlariga xuddi sanoqsiz taqinchoqlar ilingan qora baxmalga oʻxshab koʻrindi. Bu osmon, koʻz ilgʻagan bu yulduzlar bilan yolgʻiz, yuzma-yuz qolsang ajib, oʻzingga ham tushunarsiz boʻlgan holga tushasan. Davron ham samo sehriga bandi boʻlib, xayollariga erk berdi. Birdan qulogʻi shangʻilladi. Kimdir gʻashni keltiradigan darajada hushtak chaldi. Keyin bu hushtak eski eshikning gʻijirlashiga oʻxshagan ovozga aylandi. Soʻng kimdir uning ustida turib olib shivirlaganday boʻldi. Yuragi tez-tez ura boshladi. Bosinqirayapman shekilli, deb oʻrnidan turmoqchi edi, qoʻzgʻala olmadi. Koʻzga koʻrinmas bir odam koʻkragidan bosib qimirlashga yoʻl bermadi. «Yomon tush koʻryapman, uyqudan uygʻonishim kerak», deb oʻyladi. Biroq u uxlamagan, koʻzlari ochiq edi. Hamon yulduzli samoga tikilib yotardi. Yulduzlarning jimirlashini, ba’zan uchishini aniq koʻrardi. Nima gap oʻzi? Nima uchun bunday holga tushyapti? U koʻzlarini yumdi. Shu choq chodirga boʻyi taxminan ikki yarim, uch metr keladigan, fazogirlar kiyimidagi, boshlari yassiroq ikki odam yaqinlashdi. Davron choʻchib koʻzini ochdi. Atrof kimsasiz — hech kim yoʻq. Ichkarida Niyoz yengil xurrak tortyapti. Gulxan oʻchgan. Mayda choʻgʻlar yulduzlarning yerdagi aksiga oʻxshaydi. Davron shasht bilan oʻrnidan turdi.

Qaltis hazilmi?..

Niyoz hech bir mulozamatsiz mashinaning oldingi eshigini ochdi-da, oʻrindiqning changini qoqdi. Oʻrnashib oʻtirgach, portfelini orqa oʻrindiqqa tashladi-da, eshikni qars etib yopdi. Uning bu ishi Yigitali akaga biroz malol keldi. Oʻzicha: «Amalni yaxshi koʻradigan izzattalab toifadan ekan», deb qoʻyib Davronga savol nazari bilan qaradi. Davron esa hech narsa sezmaganday orqa eshikni ochdi.
— Ketdikmi, Yigitali aka?
— Ketsak ketaveramiz-da...

Mashina oʻydim-chuqur yoʻllardan shoh tashlab yurib ketdi. Ichkariga chang ufurdi. Niyoz shoshib oynakni koʻtardi. Keyin choʻntagidan roʻmolcha chiqarib qavat-qavat qilib taxladi-da, boʻyniga tashlab oldi. Yigitali aka koʻz qiri bilan uning harakatini kuzatardi. Niyozning nimasidir, yuz tuzilishimi, bashang kiyinishimi Yigitali akaga yoqmadi. Odamning tashiga qarab baho berish notoʻgʻri. Ammo bu mehmon bilan gurung qurishga mayli boʻlmayapti. Oʻzi-ku, mehmonning koʻnglini olay degan maqsadda yarim tunda qishlogʻiga piyoda joʻnab mashinasini olib keldi. Mehmon yaxshimi, yomonmi, bari bir izzatini joyiga qoʻyishi kerak. Ajdodlardan qolgan udum uning vujudiga singib ketgan. Lekin bari bir bu yigitni jini suymayroq turibdi. Shuning uchunmi, suhbatni boshlab yuborguvchi aqalli bir kalima ham tilga kelmayapti. Davron ham nimagadir jim. Uyqusi chala boʻlganmi, koʻzini yumib olgan...

Mashina katta yoʻlga chiqqach, Niyoz oynakni tushirdi. Yuzini shamolga tutdi.
— Oh, oh, havoni qarang, qaymoqqa oʻxshaydi! — dedi u.

Yigitali aka kulimsirab bosh irgʻab qoʻydi.
— Mashina oʻzingiznikimi?
— Ha, oʻzimniki.
— Ancha urintirib qoʻyibsiz.
— Yoʻlni koʻrdingiz, mashina yana ham chidaydi.
— Qanchaga olgan edingiz? Butunlay shalagʻi chiqmay turib sotib yuboring?
— Nimaga?
— Nimaga boʻlardi, yangisidan olasiz.

Yigitali aka Niyozning gapidan ajablanmadi. Avval ham bir-ikki odam shunday maslahat bergan edi. Dunyo dunyo boʻlib, odam zoti idrok qila boshlagandan beri necha yuz avlod yangilandi. Ammo ularning toifalarida sezilarli oʻzgarish yoʻq, deyish mumkin. Chunki yaxshi va yomon odam ming yillar ilgari ham bor edi, hozir ham mavjud. Bu tushuncha yana necha asr saqlanib qolar ekan? Hozir birovga «yomon odam» deb baho berib boʻlmaydi. Koʻrinishidan binoyi, aqlli, savodli, birov bilan gaplashganda jilmayib turadi. Qani, shu odamni ayblab koʻring-chi! Mana shu eskib borayotgan mashinani sot, deb aql oʻrgatayotganlarni yomon odam, deb boʻladimi? Bir qarashda ular mashina egasiga kuyinishyapti, achinishyapti. Boshqa tomondan-chi? Eng birinchi oʻringa oʻz manfaatini qoʻyuvchilarga «muqaddas» degan tushuncha borligini uqtirib boʻlarmikin? Kuyib-pishib gapirayotgan chogʻingizda miyigʻida kulib, sizni masxara qilsa-chi? Yigitali aka umri davomida har xil odamni koʻrdi. Bugungi mehmonning gaplari uning kimligini oshkor qilib qoʻydi.

Suhbatni Niyoz boshladi. Mezbonlik burchi Yigitali akaga uni davom ettirish majburiyatini yuklagan edi. Tushuntirish uchun emas, azbaroyi suhbatni davom ettirish uchun Yigitali aka mehmonga bir qarab olib «Yoʻ-oʻq, buni sotolmayman», dedi.
— Sotolmayman, deganingiz nimasi, sakson ming yuribdi, anavi mataxni orqasiga aylantirib yigirma mingga keltiring, u yer-bu yerini artib, moylab, burang, tamom. Shaharga olib boring, kamida oltiga sotasiz, men kafilman.
— Sotaman desam, shu yerda xaridor topiladi. Avvalambor, mehmon, koʻzboʻyamachilikka toqatim yoʻq. Qolaversa, bu mashinani mukofotga berishgan. Har qancha puldan ham qimmatli.
— Mukofotga?
— Ha.
— Ilgari qaerda ishlardingiz?
— Qishloq odami qaerda ishlardi, paxtada-da.
— Mexanizatormidingiz?
— Kerak boʻlganda mexanizatorlik ham qilganmiz.
— Ie, shunday ishni tashlab...

Niyoz gapini nihoyasiga yetkaza olmadi. Davron uning yelkasiga asta turtdi Niyoz orqasiga qaradi:
— Uygʻondingmi?
— Hozir barxanlarning orasidan oʻtamiz.

Niyoz Davronning muddaosini anglab «Bir gap borga oʻxshaydi», deb qoʻydi. Mazmunsiz savol-javobdan iborat «gurung» uzildi. Niyoz yana yuzini shamolga tutdi.
— Eshitishimga qaraganda, ba’zi birovlar to kuzgacha gashtini surib, terim boshlanishi bilan dalaga chiqar ekan. Besh yuzmi, olti yuz tonnami terib bir mashinaning pulini kissaga urib yana ketaverar ekan, shu gap rostmi?

Yigitali aka Niyozga bir qarab oldi.
— Rost. Shundaylar ham bor.
— Men sizni oʻshanaqa odam demoqchi emasman, yana koʻnglingizga kelmasin.
— Be, mehmon, sira koʻnglimga kelmadi. Gapiroviring.
— Mukofotga mashina berishgan boʻlsa chakki ishlamagan ekansizda. Ordenlardan ham bormi?
— Bor.
— Nechta?
— Sanash shartmi?
— Shunchaki qiziqish-da... Har holda ekspeditsiyada yurganingiz qiziq tuyulyapti.
— Doʻxtirlar kasbingizni oʻzgartiring, deyishdi.
— Ekspeditsiya ishini toʻxtatsa nima qilasiz?
— Ungacha, xudo poshsho, koʻchada qolmasmiz.
— Bola-chaqalar qoʻltigʻingizga kirib qolishgandir?
— Ha... — Yigitali aka Niyozga qarab kuldi.
— Nimaga kulyapsiz? — dedi Niyoz oʻzini noqulay sezib.
— Bunchalik qiziquvchanligingizni bilsam, uyda yozib qoʻyilgan tarjimai holim bor edi, shuni olvolar ekanman.

Davron kulib yubordi. U kulganda yumaloq yuzi yana ham toʻlishganday boʻlar, koʻzlari qisilib ketardi. Yigitali akaning hazili Niyozga ham yoqdi. Ovozini baralla qoʻyib xaxoladi.

Yoʻl chetidagi daraxtlar siyraklasha boshladi. Koʻp oʻtmay mashina ikki tomonida qum barxanlari yastanib yotgan yoʻlga kirdi. Davronning nazarida bu qumlar gʻaroyib sirlarini odamlardan yashirib yotganga oʻxshaydi. Qizilqumdagi yoki Qoraqumdagi barxanlar hech kimni taajjubga solmaydi. Lekin vodiyning qoq oʻrtasida mitti sahroning yastanib yotishi sirli tuyuladi. Davron bu yoʻldan har oʻtganida shuni oʻylaydi. «Nima bu? Tabiatning qaltis hazilimi? Balki qadimda vodiy oʻrni bus-butun shunday boʻlib, odamlarning matonati tufayli boʻstonga aylangandir? Balki qumlik bilan olishgan bobokalonlarimiz avlodlarga yodgor boʻlsin, deb sahroning bir qismini tabiiy muzey sifatida qoldirishgandir?..»

Taram-taram boʻlib turgan qum barxanlari kun tikkaga kelgach, quyoshning oʻtli tigʻida qizigandan-qiziydi. Jonsarak kaltakesaklar odam sharpasidan choʻchib in-iniga kirib ketadigan boʻlib qolgan. Bu jonivorlarning ham halovati buzilgan. Barxanlardan odamzod oyogʻi arimaydi. Tunovi yili shu yoʻldan oʻtayotganida qumlikka saksovul ekib yurganlarni koʻrgan edi. Saksovul ikki qarich boʻlib qolibdi.
— Qumga bir narsa ekilgan, shekilli? — dedi Niyoz Davronga qarab.
— Erta bahorda rayhon sepib qoʻyishgan edi, — dedi Davron Niyozning johilligidan gʻashi kelib.
— Juda ishondim, — dedi Niyoz uning kinoyasini tushunib.
— Oʻrtogʻingiz hazillashyaptilar. Qumlikka saksovul ekishgan.
— Saksovul? Nima keragi bor ekan? Bu yerlarni oʻzlashtirmoqchi edi-ku?
— Nima deyapsiz, salkam oʻn ming gektar keladi bu qumlik. Epaqaga keladigani oʻzlashtirildi. Qumni yerga koʻmib, soz tuproq tortib paxta ekishyapti. Dalani qum bosmasin, deb saksovul oʻtkazishyapti. Bechoralarga ham jabr. Har yili saksovul ekishadi.
— Tutmaydimi?
— Tutishga-ku tutadi, endi bosh koʻtarganda poda haydab qoʻyishadi. Qancha janjal ham boʻlgan. Jarima ham toʻlashgan. Bari bir ahvol oʻzgarmaydi. Saksovulga ikki yil tegmasangiz foydaning tagida qolasiz. Ammo shunga sabr qilishmaydi.
— Yigitali aka, siz dehqon odamsiz, — dedi Davron, — qumlikni bora-bora butunlay yoʻqotishadi, shu ishni toʻgʻri deb oʻylaysizmi?
— Xalqimizning tabiatida tek turish odati yoʻq. Gʻimirlagani-gʻimirlagan. Yarim quloch yer boʻsh yotganini koʻrsa, u-bu ekib qoʻyadi. Qumning oʻrnini ham ekinzor qilib yuborishadi.
— Shunda toʻgʻri boʻladimi?
— Buning nimasi notoʻgʻri?
— Qumliklarni butunlay yoʻq qilish iqlimga ta’sir etmaydimi?
— Buning foyda-zarari menga qorongʻi. Sizlar olim odamlarsiz. Men qaydan bilay?

Yigitali akaning bu gapi Niyoz uchun bir fatvo boʻldi. Niyoz har qanday davrada, har qanday sharoitda bilimlarini namoyish qilishga tirishar edi. Koʻp hollarda (davradagilarning saviyasiga qarab) «Zamon allomasi» darajasiga ham yaqinlashib qolardi. Gap tabobatga taqalsa yangi kasalliklardan, fazoviy muammolar xususida gap ketsa, qaysi sayyorada hayot borligidan soʻz ochardi. U anoyi emas — bu yangiliklarni sira izlab, oʻqib, oʻrganmagan. Davra, gurunglarda eshitganlarini xotirasida mahkam saqlab qolardi. Qulogʻiga ilganlari endi u uchun haqiqatga aylanar, taxminlarni ertasiga boshqa davrada bor gap qilib koʻrsatardi. Tabiiyki, uning bilimidan mukofotga mashina olgan kishi ham xabardor boʻlib qolishi kerak. Ekspeditsiyadagilarning koʻpi Niyozni tanimaydi. Uning bilimdon vakil ekanini shu Yigitali aka yetkazadi-da.

Niyoz soʻzni tabobatdan boshladi. Yigitali akaning xastaliklar va yangi davo usullari bilan qiziqishi tabiiy. Shuning uchun Niyoz gapirgan sari unga nisbatan boʻlgan ilk fikrlari oʻzgara bordi. Vakilning maza-bemaza soʻzlaridan ensasi qotgan Davron esa indamay oʻtiraverdi. Niyoz ba’zan «Toʻgʻrimi?», deb orqasiga qaraganda ham gapirishga hushi kelmay bosh irgʻab qoʻya qolardi.
— Hozir rak hech gap boʻlmay qoldi, — dedi Niyoz yastanganicha labiga sigara qistirib. — Endi odamlar yurakdan ketyaptilar. Oʻlimning oltmish foizi yurakdan. Tuppa-tuzuk odam tappa tashlaydi, tamom. Oʻttiz protsent oʻlim avtomobil halokatidan. Rak bilan oʻlganlar uchinchi oʻrinda.
— Menam shunaqa deb eshitaman, — dedi Yigitali aka. — Ilgarilari toʻppa-toʻsatdan oʻlish kam boʻlardi. Endi tez-tez eshitamiz. Bizning qishloqda-ku, unchalik emas, shaharda koʻp deyishadi. Sababi nima ekan?
— Sababi oddiy: qon bosimi... — dedi Niyoz sigarani olib aylantirar ekan. Keyin labiga qistirib tutatdi. Yigitali aka tasodifiy oʻlimning sababini bilolmay qoldi. Niyoz gapni «Amerika tomonda kechagina boʻlgan dahshatli dovul» haqidagi yangi xabarga burdi. Davron gʻijinib qoʻydi-yu, indamadi.

Ishemik kasallarni keltirib chiqaruvchi omillar oddiy karrajadval kabi ma’lum boʻlib qolgan pallada «mulla yigit»ning javobdan boʻyin tovlashi uning johilligidan yana bir dalolat edi. «Taraqqiyotning jadalligi, havoning ifloslanishi, shaharning shovqini, ishdagi asabiy tortishuvlar, jismoniy harakatning haddan ziyod kamayib ketishi oqibatlari haqidagi maqolalar matbuot sahifalaridan tushmay qolgan. Shulardan birontasini ham tuzuk-quruq oʻqimagan boʻlsa kerak. Qumliklarni tekislash Niyozga topshirilsa bir-ikki yildayoq saranjomlaydi. Oqibatini surishtirib oʻtirmaydi. Doʻppiga qoʻshib faqat boshni emas, oyoq-qoʻlni ham qiyma-qiyma qilib olib keladi. Agar kattalardan birontasi qumlikni kengaytir desa, butun vodiyni quling oʻrgilsin sahroga aylantirib beradi. Biz katta avlod orasidagi qobiliyatsiz olimlardan ranjiymiz. Bu sohada qanday oʻrnashib qolgan, nima uchun zukko ustozlar ularga yoʻl ochib berishgan, deb bosh qotiramiz. Mana javob: Niyoz ilm dargohiga qanday kirdi, qanday yuribdi. Uning porloq istiqboli ham tayin. Hech qachon xor boʻlmaydi. Qarigan chogʻimizda bir yosh yigit kelib: «Niyoz Mansurov degan savodsiz odam arxeologiyada nima qilib aralashib yuribdi?», deb qolsa javob bera olamizmi?»

Qumlik ortda qolgach, Davron yoʻl koʻrsatib ketdi. Shunda ham Niyoz uzuq-yuluq «ilmiy» axborotlarning bir talayini aytib tashladi. Mashinalari rayon markazidagi kitob doʻkoni oldida toʻxtashi bilan ichkaridan past boʻyli, toʻladan kelgan bir yigit chiqdi-da, ularga peshvoz yurdi. Davron bilan quchoqlashib koʻrishdi. Qolganlar bilan ikki qoʻllab, quyuq soʻrashdi. Davron uni «Kamolxoʻja, sinfdoshim, shu rayonga ichkuyov», deb tanishtirdi. Kamolxoʻja mehmonlarning muddaosini eshitgach, «Avval eshikka oʻtmaymizmi?», deb soʻradi, soʻng javob kutmay «Mayli, eshikka oqshomda oʻtamiz, men tezdayla qaytaman», deb mashinasiga oʻtirdi-da, qayoqqadir ketdi. Yarim soatga qolmay yetib keldi. Mashina tepasiga baliq ovlaydigan toʻr tashlab olgan. Yonida uzun boʻyli oriq yigit. Davron uni darrov tanidi — Zokirali. Baliq ovi desa oʻzini tomdan tashlaydigan Zokiralini bu atrofda tanimaydigan odam yoʻq desa boʻladi. Kamolxoʻja kimni ishga solishni biladi.

Zokirali Davron bilan omonlashgach, «Vaqtim ziq, bir soatga soʻrab keldim», dedi. Kamolxoʻja «jim boʻl», deganday qoʻl siltab uni mehmonlarga tanishtirdi:
— Muchali tuya, — deb qistirib ham qoʻydi.
— Hayron boʻlmaysizlar, mehmonlar, — dedi Zokirali uning haziligi javob qaytarar ekan, — kitob doʻkoniga mol mudir boʻgʻondan boshlab muchal bitta koʻpayib qogʻan.

Hamma miriqib kuldi. Kamolxoʻja: «Olding, tuya, olding!» deb uni yelkasiga qoqib qoʻydi. Hamma Kamolxoʻjaning mashinasiga oʻtirdi. To daryoga yetib borgunlaricha askiya tinmadi. Davronga ularning odatlari yaxshi tanish. Bu yerliklarning ogʻir hazil qilishlarini, har bir odamningn laqabi boʻlishini Yigitali aka ham biladi. Shuning uchun u ham askiyaga qoʻshildi. Faqat Niyozgina bu ochiq ogʻir askiyaning oqibatini oʻylardi. «Hazillari chinga aylanib kayfni buzishmasa edi», derdi. Na Kamolxoʻja, na Zokirali Niyozning kimligi bilan qiziqdi. Davron ham uni tuzuk-quruq ta’riflamadi. Ustiga-ustak Niyozga soʻz tegmadi. U koʻproq mana shundan ezildi. Bu quvnoqtabiat mezbonlardan nafratlandi. Ayniqsa ular askiya orasida: «Hayron boʻlmaysizda, mehmon, hazilimiz shunaqa», deb qoʻyishganda: «Nima, men toʻnkamijozmidim, askiyaga tushunmaydigan», deb gʻijinardi.

Mashina qumli qirgʻoqda toʻxtadi. Zokirali tushgan zahoti hech kimga qaramay toʻrni olib yoydi-da, uzilgan yerlarini ulay boshladi. Toʻrni hatto baliqchilarning piriga ham bermaslik kerakligini necha bor aytib kimnidir soʻkdi. Kamolxoʻja esa mashinaning yukxonasini ochib ikkita eski koʻrpacha, keyin toʻrxaltadagi ichimlik va yegulik narsalarni qurib, qovjirab qolgan oʻt ustiga qoʻydi. Soʻng ikkita piyolani toʻldirib aroq quydi-da, birini Niyozga uzatdi.
— Oling, mehmon, tanishganimiz uchun! — U shunday deb piyolani boʻshatdi. Gazeta ustida tartibsiz qalashib yotgan somsadan gazak qilib, Zokiraliga qaradi.
— Senam kuydirgingga ichvolasanmi? — Kamolxoʻja undan javob kutmay piyolani toʻldirib uzatdi.
— Ma, mehmon bilan ol. Qani, mehmon, oxirigacha, salomatlik boʻlaversin...

Niyoz qanchalik qarshilik koʻrsatmasin, zoʻrlab oxirigacha ichirishdi. «Dam olish» shu zaylda boshlandi.

Toʻr tayyor boʻlgach, Zokirali bilan Kamolxoʻja daryoga tushdi. Toʻrni suvga tashlab, ikkovi ikki tomondan tortganicha asta yura boshlashdi. Kamolxoʻjaning boʻyi past boʻlgani uchun qirgʻoq tomonda, Zokirali esa quyiroqda boʻynigacha suvga botib borardi. Chuqurroq yerga kelganda shoʻngʻib ketar, dam oʻtmay sayozroq joyga chiqib toʻxtab qolgan sherigiga «Yurmaysanmi!» degandek qoʻl siltardi. Ovoz chiqarmasdi. Shu zaylda ular ancha uzoqlashishdi.

Shirakayf boʻlgan Niyoz baliqchilarga birpas qarab oʻtirdi-da, keyin turib kiyimlarini yechdi. Ehtiyotlik bilan taxlab mashina oʻrindigʻiga tashlab qaytgach, koʻrpachaga muk tushdi. Yigitali akaga yoʻldagi ma’ruzalarining davomini oʻqiy boshladi. Endigina dili yayrayotgan Yigitali aka uning gaplaridan bezib: «Baliqchilardan xabar olay», degan bahonada turib ketdi.
— Vodiyning odamlariga tushunib boʻlmaydi. Haddan tashqari sermulozamat. Mehmonning atrofida parvona boʻlishadi. Lekin yurakdan izzat qilishmasa kerak, deyman. Mulozamatlari soxtadir-a?
— Sen hamma narsani oʻz boʻyingga qarab bichasan. Soxta muomalani senga chiqargan, hatto ayrim harakatlaring ham soxta boʻladi. Birovga yurakdan yaxshilik qilmaysan. Shuning uchun hamisha boshqalardan gumonsiraysan.
— Sen nima uchun ularga mening kimligimni aytmading?
— Ularga bari bir. Amaling bilan ishlari yoʻq. Sen mehmonsan, tamom!
— Qani, quy, qoʻrs boʻlsang ham seni yaxshi koʻraman, ichingda kiring yoʻq. Seni imkoni boricha qoʻllayman. Doʻstligimiz uchun ichaylik!

Davron aroqqa ichaymi-ichmaymi, deb tikilib turdi. Soʻng bir qarorga kelib ichib yubordi. Bir koʻzi qisilib qolayozgan Niyoz aljiy boshladi. Davron unga ikkinchi koʻrpachani yumaloqlab yostiq qilib berdi-da, «Choʻmilib chiqaman», deb daryo tomon yurdi.

Daryo suvi loyqa. Qirgʻoqdagi qumlarni silab erinchoqlik bilan oqadi. Ilgarilari chilla paytida ham suv mashina turgan yergacha chiqardi. Endi ancha tortilibdi. Orolgacha bemalol suzib oʻtish mumkin. Odamlar orolga kamdan-kam hollarda suzib oʻtadilar. Bolalikda jindan qoʻrqishadi, keyin ilon bor, toʻngʻiz bor, deb choʻchishadi. Davronning qishlogʻi bu yerdan mashinada yurilsa, ikki soatlik yoʻl. Ammo orolning shuhrati, orolda goʻyo yuz bergan gʻaroyib voqealar haqidagi mish-mishlar ularning qishlogʻigacha ham borib yetardi. Davron bolaligida uch-toʻrt marta dadasi bilan kelgan. Dadasi ulfatlari bilan baliq ovlab chaqchaqlashib ketardi. U esa qirgʻoqqa oʻtirib olib sirli orolni tomosha qilardi. Nazarida, choʻpchaklardagi butun dahshatli mavjudotlar shu orolga in qoʻygan edi. Yoshi ulgʻaygach, orolning husniga maftun boʻla boshladi. Bolalik tasavvuridagi insu jinslar yerdan koʻtarilgan hovur kabi bugʻlanib ketdi.

Orol oʻsha-oʻsha. Uzoqdan turib qarasang koʻz toʻymaydi. Ilon kabi buralib oquvchi daryo shu yerga kelganda ikkiga ajralgan, uch chaqirimdan soʻng yana birlashadi. Qoʻsh kokil yangligʻ irmoq orasidagi orol esa yashnab turadi. Na’matak, toʻrangʻi, yovvoyi jiyda, baqaterak joy talashgandek ayqash-uyqash boʻlib ketgan. Suvga egilib turgan jiyda barglari kumush kabi tovlanadi. Atrof sokinlik hukmida. Daryoning oqishi ham, oroldagi qalin daraxtzorning epkinda tebranishi ham ulugʻvor. Davron shularga qarab qolib choʻmilishni unutdi. Xayolini motorli qayiqning ovozi buzdi. Qayiq unga qarab burilib, tumshugʻi bilan qumga sanchilib toʻxtadi. Eskirgan doʻppisini qoshigacha bostirib kiyib olgan, shimining ikkala pochasi ham tizzasigacha himarilgan qisiq koʻzli yigitcha sakrab tushib Davronga salom berdi-da, qoʻsh qoʻllab koʻrishdi.
— Tartibbuzarlar kim, desam oʻzimiznikilar ekan-da, — dedi u kulib. — Zokirali akaga oʻxshaydi. Meni tanimadingiz-a, Kamolxoʻja akaning jiyanlari boʻlaman. Oʻtgan yili koʻrishgan edik. Menam doʻkonda ishlardim.

Davron uni tanigan, ammo ismini eslolmay turgan edi.
— Endi shu yerlarni qoʻriqlash menga topshirilgan, — dedi yigitcha, — yuring, orolni aylantiray.

U qayiqni orqaga itarib, chaqqonlik bilan chiqib oldi-da, motorni yurgizdi. Davron ham chiqdi.

  

— Yovvoyi sigirlarni koʻrasizmi? — dedi yigitcha. Daron tushunmadi.
— Uch-toʻrtta sigir paydo boʻlgan. Daryoda suv kamligida oʻtishgan. Keyin qaytib oʻtisha olmay yovvoyilashib qolishgan. Odamni koʻrdi deguncha qochadi.

Qayiq uchli tumshugʻi bilan sokin oqayotgan suvni ikkiga ayirib ilgariladi. Tinchi buzilgan daryo uning ortidan anchagacha chayqalib turdi. Qayiq orolga yaqinlashganda Davronda gʻalati bir his uygʻondi: orolga tushgisi, mana shu yovvoyi chakalakda qolgisi, yolgʻiz yashagisi, dunyo tashvishlaridan, shovqinlaridan yashiringisi keldi. Nima uchundir odamlar, hatto baliq tutib yurgan doʻstlari, rais bilan kurashish oʻrniga achchiq qilib arazlab yurgan Yigitali aka, daryodagi baliqlar qoʻriqchisi boʻlgan shu qisiq koʻzli yigit ham koʻziga xunuk koʻrinib ketdi. Yodiga tushgan barcha tanishlaridan nafratlandi. Buning uchun asos ham topdi. Davron mana shu odamlardan xayolan qochib oroldan panoh izladi. Ammo xayolini yashin kabi yoritgan bu fikr xuddi shu yashin kabi bir onda soʻndi. Avvalo, u sira bunday qilolmasligini biladi. Istak bilan iroda oʻrtasidagi tafovutdan koʻp qatori Davron ham bahramand. Qolaversa, tarki dunyo bilan muddaoga erishib boʻlmaydi-ku! Aytaylik, biror kimsa yolgʻiz yashamoqqa jur’at qildi. Shu harakati bilan nimaga erishadi? Faqat ojizligini namoyish etmaydimi?! Bundan koʻra yomonni ochiq-oydin yomon deyishga, u bilan kurashishga intilgan afzal!

Davron oniy istagini shunday fikrlar bilan qoralab, xayolga botib oʻtirardi. Qayiq tezligini kamaytirib qalqib ketdi.
— Ana, qarang, yaqin borsak, qochadi, — dedi yigit uning oʻyga borib oʻtirganini sezmay.

Davron yalt etib u koʻrsatgan tomonga yuzlandi. Sohilda uch sigir ularga sergaklanib qarab turardi. Qayiq yaqinlashgach, uchovi bir lahzada orqasiga burildi-da, ikki yonga qappayib chiqib turgan qorinlarini selkillatib yugurib ketdi.

Daraxtlar ularni odamlar panohidan yashirdi.
— Koʻrdingizmi, yovvoyilashib qolgan, — dedi yigit qayiqni burib, tezlikni oshirar ekan.
— Endi ularni nima qilishadi?
— Nima qilishardi, suv sayozlashgach, qishloqqa borib sigirlar kimniki boʻlsa, olib chiqsin, boʻlmasa otib tashlaymiz, deb e’lon qilishadi.
— Kim?
— Ovchilar jamiyati-da. Bu yerlarni qoʻriqxonaga aylantirishar emish. Shuning uchun uy hayvonlarini boqish mumkin emas ekan. Egalari olib ketmasa otishadi, turgan gap. Bu yerda qadim jayrondan tortib yoʻlbarsgacha boʻlgan ekan, endi shularni olib kelib koʻpaytiramiz, deyishyapti.

Qayiq suvni toʻlqinlatib qirgʻoq boʻylab boradi. Davron koʻzini oroldan uzmaydi. Nazarida har bir buta ortidan sigirlar javdirab qarayotganday, «Odamdan hurkib qochib ketishdi... Odamni eng ongli, eng oliy mavjudot deymiz. Lekin ayrim harakatlarida ongning zarrasi ham sezilmaydi. Hayvonlarni ayovsiz qirib yubordi. Ilgari ochdan oʻlmaslik uchun ov qilgan. Keyin shunchaki havasga oʻldira boshladi... Oʻz nafsini qondirish uchun erkdan ayirib qafasda saqlaydigan boʻldi. Qazilma paytida necha xil noma’lum hayvonning, necha xil oʻsimlikning iziga duch keldik. Mutlaqo qirilib ketgan hayvonlarning sanogʻi yoʻq. Yaxshi hamki, borlarini saqlash harakatiga tushildi. Yoʻqsa, yer yuzidagi hayvonot dunyosi yaqin yillarda muzeylardagi tuluplardan iborat boʻlib qolardi... Butalar ortiga yovvoyilashgan sigirlar yashiringan. Biz yovvoyilashgan deymiz. Yoʻq, ular asliga qaytgan. Axir, qadimda yovvoyi holda yashagan-ku. Poda-poda boʻlib, ahillik bilan oʻzlarini dushmanlaridan himoya qilganlar. Keyin esa odamlar ularni tartib bilan oʻldirish uchun oʻz panohlariga olganlar. Endi bu hayvonlarning oʻzlarini himoya qilishlariga hojat qolmagan. Chunki nogahoniy oʻlim yoʻq. Yemish izlab sarson kezmaydilar ham. Hamma narsa muhayyo! Ana shularning bir nechasi asliga qaytibdi. Odamdan qochyapti... Ozodlikka, erkka oʻrganib, tartib bilan oʻlishdan nogahoniy fojiani afzal deb bilib, har narsani muhayyo qilguchi odamdan butkul nafratlanib, butalar orasidan panoh topib yuribdilarmi? Ogʻilxonalariga qaytgilari yoʻqmi?

Ajab, taraqqiyotning yuksak pogʻonalariga intilayotgan odamlar ham ozginagina muddatga asllariga qaytsalar nima boʻlarkin? Yoʻl qoʻygan, yoʻl qoʻyayotgan xatolarga darhol barham berishga oʻzlarida kuch, iroda topa olarmidilar? Yolgʻonchilik, adovat, ichqoralik, amalparastlik, xudbinlik, johillik, qiypichoq boʻlish... Eh-he, biz nazarga ilmagan xastaliklar ozmi? Shular chakalak orasidan oydinroq koʻrinar, balki davosi ham ravshan boʻlar... Balki... lekin odam hech qachon asliga qaytmaydi...»
— Eh-he-he-e! — Qayiqning orqa tomonida oʻtirgan yigit oʻrnidan turib qoʻl siltadi. Davronning xayoli boʻlindi. Yigitga javob oʻrnida baqirib qoʻl siltayotgan baliqchi hamrohlariga qaradi. Orolni aylanib dam olish oʻrniga dili siyoh boʻldi. «Bema’ni injiqliklarim avjiga chiqyapti, nima keragi bor shunaqa xayollarni», deb oʻzini koyidi-da, oʻrnidan turib u ham qoʻl silkitdi. Tabiiyki, chakalakzorni panalab tikilib turgan sigirlarni sezmadi.

Baliq qovurilgach, Niyozni uygʻotishdi. Ham araqning ta’siri, ham oftobda yotib qolganidan anchagacha oʻziga kelolmadi. Turib, yuzini yuvib qaytguncha hech kim baliqqa qoʻl urmadi. «Ishtaha uchun» yana «oz-oz» otilgach, Niyoz asl holiga qaytdi. U qoʻliga bir parcha baliq olganicha tinmay javrar, boshqalar dasturxonga qarashni ham, qaramaslikni ham bilmay oʻtirishardi. Bu yerliklarda mehmonni gapirtirib qoʻyib ovqat yeyish odati yoʻqligini Davron yaxshi bilardi. Shu sababdan tez-tez Niyozning gapini boʻlib turdi.

Baliq sayli shu zaylda Davron uchun koʻngilxunlik bilan oʻtdi. Ayniqsa Niyozning bir qiligʻi oʻlganning ustiga tepgan boʻldi. Orqaga qaytayotganlarida Kamolxoʻja yaqinroq yoʻldan ketamiz, deb eni besh qadamlar keladigan sayoz anhorga duch keldi.
— Obbo, la’nati, oqavaga roʻpara boʻlibmiz. Kechagina quruq edi, — dedi u. — Sizlar tushib turinglar-chi, bir harakat qilib koʻray. Balki oʻtib ketarman.

Mashina oʻtolmadi. Oldingi gʻildiraklari narigi qirgʻoqqa tegishi bilan toʻxtadi. Birinchi Zokirali, keyin Davron, ularning ketidan Yigitali aka ham poyabzalini yechib, shimlarining pochasini himarib suvga tushdilar. Ha, ha bilan mashinani chiqarib oldilar. Keyin toʻrtovlari ham ajablanib mehmonga qaradilar.
— Ha, oʻtmaysanmi? — dedi Davron unga.
— Shamollab qolamanmi, deb...

U soʻzini tugatmay Zokirali yana qayta suvga tushdi.
— Qani, opiching, mehmon, — dedi u yelkasini tutib.
— E, Zokirali aka, qoʻyavering, oʻzi oʻtadi, — dedi Davron Niyozning qiligʻidan ranjib. Niyoz esa birpas ikkilanib turgach, opichdi. Zokirali uni olib oʻtdi. Oriq Zokiralining chillakday oyogʻiga, ogʻir yukdan egilib, qiltillab yurishiga, uning ustida chalpakday boʻlib turgan Niyozga qarab Davronning ham kulgisi keldi, ham nafratdan boʻgʻildi. Kamolxoʻja esa odati boʻyicha Zokiralini askiya qilib kuldi. Yigitali aka askiyaga qoʻshilmadi. Achchiqlanganini yashirmasdan, indamay borib mashinaga oʻtirdi.

Kamolxoʻja mashinasini toʻgʻri uyga haydadi. Baland ishkom ostidagi yogʻoch soʻrida joy tuzoqlik edi. Kamolxoʻjaning ayoli oshxona ostonasida turganicha iymanibgina soʻrashdi-da, oʻzini ichkari oldi. Zokirali kichkina toʻr xaltadagi baliqlarni oshxonaga eltib berdi.

Qorongʻi tushgach, Davron Niyozning jilish niyati yoʻqligini sezib:
— Rejang qanday? — deb soʻradi.
— Menga bari bir, — dedi Niyoz yelkasini qisib.— Komandirovkadagi odamman...
— Biz hozir izimizga qaytamiz. Borasanmi yo?..
— Qoʻy, oʻsha qazilmalaringni, bordim, koʻrdim, yetadi. Menga ishonaver, seni qoʻllayman. Ishing yurishib ketadi. Men shu yerdan uyga qayta qolaman.
— Qaytishga picha shoshmay turing, odamzodga dam ham kerak, — dedi Kamolxoʻja ularning suhbatiga qoʻshilib. Buni eshitib Niyozning chehrasi yorishib ketdi:
— Ammo oʻgʻilbola gap aytdingiz. Oshnangizga ham oʻrgating shunaqa gaplarni.

Kamolxoʻja qancha avramasin, Davron oyoq tirab turib oldi. Oshdan soʻng ikki piyoladan choy ichdilar-u, Niyozni Kamolxoʻjaning ixtiyoriga topshirib yoʻlga chiqdilar.
— Vakil qargʻamijoz odam ekan, — dedi Yigitali aka mashina oʻrnidan jilgach.
— Nimaga?
— Qargʻa uchib kelsa hech kim xursand boʻlmaydi, uchib ketsa xafa boʻladigan odam topilmaydi. Elning qargʻishiga uchragan odamni ana shunaqa — qargʻamijoz deydilar.

Davron birovning orqasidan yomonlashni xush koʻrmasdi. Shuning uchun Yigitali akaning gapi tasdiqsiz qoldi. U yuzini shamolga tutganicha jim borardi.
— Gaplariga qaraganda, ishlarni toʻxtatishlari ham mumkin ekan, shu rostmi?
— Rost, shuning uchun kelgan.
— Qoʻllayman, deydi, balki toʻxtatishmas.
— E, Yigitali aka, dunyoda hech narsa koʻrmagan odamga oʻxshaysiz-a. Ishni toʻtatish masalasi unga mutlaqo bogʻliq emas. U shunchaki bir qoʻgʻirchoq. Ariq boshida boshqa zoʻrroq odam oʻtiribdi.
— Ajab odamlar bor-da, tegganga tegadi, tegmaganga kesak otadi. Bekmirzaev ham shu yerni deb talashib yurardi. Siz aytgan zoʻrroq odamga nima qutquligi tushibdi bu ishning.
— Ularning shaxsiy adovatlari boʻlgan
— Olim odamlar shunaqa bema’ni boʻladi, deyishsa, qishloqdagilar sira ishonmaydi. Ular olimlarni haddan ziyod aqlli, pokiza, deb yuradilar-da. Adovat maktab koʻrmagan, bekorchi, johillarning yumushi.

Davron kulib qoʻydi. Yigitali akaning gapi toʻgʻri. Uning oʻzi ham maktabda oʻqib yurgan kezlari shu fikrda edi. Institutning dastlabki kurslarida ilmiy unvoni bor oʻqituvchilar koʻziga farishtadek koʻrinardi. Vaqt oʻtib, domlalar haqidagi mayda-chuyda gaplar qulogʻiga kira boshlaganda avvaliga ishonmadi. Keyinchalik olimlarning boshqa odamlardan farqi yoʻqligiga, faqat yaxshilik, ezgulik emas, yomonlik, ablahlik ham qila olishlariga amin boʻldi. Bolalik sururi soʻna bordi. Ayniqsa ilmiy unvoni bor ikki muallimning uch-toʻrt talaba orasida «Sendan men kuchliman», «Bekor aytibsan, ilming past», qabilidagi tortishuviga guvoh boʻlgach, ulardan butkul hafsalasi pir boʻldi.

Ammo u olimlar orasida havas qilsa arzirli odamlar ham borligini bilardi. Davron dotsent Bekmirzaev haqida hamisha iliq gaplar eshitardi. Soʻnggi kursda oʻqiyotganida talabalar bagʻoyat hurmat qiluvchi bu domlaning nazariga tushib, quvonchdan terisiga sigʻmay yurdi. Bekmirzaev kamtar, shu oʻrinda nihoyat darajada injiq, serjahl edi. Davronni ham ba’zan gʻadablab qolardi. Biroq shogirdining xijolat boʻlib indamay turganini koʻrib darrov hovuridan tushar, «Ke, qoʻy, xafa boʻlma, ammo koʻzingga qarab ishla», deb nasihat qilardi.

Davron Yigitali akaga «Adovatlarining sirini bilmayman», deb notoʻgʻri aytdi. Adovat sabablarini Bekmirzaevning oʻzidan eshitgan, ammo uni birovga aytishga shu topgacha hojat sezmagan edi. Bekmirzaevning notoʻgʻri yoʻl tutgan institut rahbarlariga qarshi olib borgan kurashi, hal qiluvchi pallada yolgʻiz qolgani, maxsus komissiyaning taftishi, Bekmizraevning haq boʻlib chiqishi, kurashdan oʻzini olib qochganlarning endi amalga intilishi hatto talabalarga ham ma’lum edi. Koʻpchilik ular oʻrtasidagi adovatga shu, ya’ni, Bekmirzaevning amalga oʻtirolmagani sabab, derdi. Bu farazning puch ekanini Davron yaxshi bilardi. Bekmirzaev hech qachon amalga intilmagan. Institut rahbarlarini fosh qilishi ham amal uchun emas, adolat uchun edi. Rahbarlar haqida soʻz ketguday boʻlsa, ba’zan Davron: «Aslida shu oʻringa siz oʻtirishingiz kerak», deb qoʻyardi. Shunda Bekmirzaev bosh chayqab: «Yoʻq, mendan rahbar chiqmaydi. Bunga yarasha qobiliyatim yoʻq. Rahbar qoʻl ostidagilarni «otang yaxshi, onang yaxshi», deb ishlata bilishi kerak. Men oʻzimni tuta olmay bir-ikki baqirib, poʻpisa qilsam, eng mehnatkash odamni ham ishdan sovutib qoʻyaman. Keyin amalga sira ishonib boʻlmaydi. Qadimda ham «Toji-taxt bevafo» deb oʻtishgan. Boʻzchi bilganini toʻqishi kerak. Men ilm deb yuribman. Shuni eplasam ham katta gap», derdi.

Adovatning asl sababini Davron keyinroq bildi: Bekmirzaevning uyiga qadrdon doʻstlaridan biri singlisi bilan kelib «Singlim oʻqishga kirdi, vaqt-bemahal xabar olib tur», deb tayinlab ketadi. Bekmirzaev qizdan tez-tez xabar olib turadi. Bir kun oqshom chogʻi borsa, qizning uyida oʻsha nusxa oʻtiribdi. Institutda ishlaydigan yana bir nusxa bor. Bekmirzaev bu juvon haqida koʻp yomon gaplarni eshitgan, shuning uchun salom-alik ham qilmasdi. Bekmirzaev soʻramasdanoq voqeani anglab, oshiq rahbarning boʻynidan boʻgʻib koʻchaga sudrab chiqadi. Ertasigayoq doʻstini chaqirtirib qizni ham uyiga joʻnatadi. Siri fosh boʻlgan rahbar Bekmirzaevdan oʻch olish niyatida uni imkon tugʻilsa-tugʻilmasa chalishga harakat qilaveradi. Toʻgʻrirogʻi, siri fosh boʻlgani uchun emas, «Endi Bekmirzaevning qoʻlida qurol bor, amalni olish uchun jang qiladi», degan xavotirga tushgani uchun uning koʻzini ochirmaslikka intiladi.

Serharakat va serjahl ustozini eslab Davronning koʻngli buzildi. Mashina chirogʻi tun bagʻri poralab qumliklar orasidan oʻtdi. Yigitali aka hamrohining ruhi choʻkkanini sezib koʻp gapga solmadi. «Biznikida dam olib qaytasiz, ertalab oʻgʻlim keltirib qoʻyadi», deb mashinani qishloq tomonga burdi.

Mashina chirogʻi qorongʻilik bagʻrini poralab borardi. Daraxt koʻlankalari sapchib-sapchib, xuddi sakrayotgan odamga oʻxshab ketardi. Birdaniga roʻparada boʻyi ikki yarim-uch metrli, fazogirlar kiyimidagi yassibosh odam koʻrindi. Davron Yigitali aka ham koʻryaptimikin, deb unga qaradi. Yigitali aka yoʻlga tikilganicha xotirjam oʻtirardi. Demak, faqat Davronga koʻrinayotgan ekan-da! Kecha tunda ular ikki kishi edi. Bugun bir oʻzi. Davron boshini suyanchiqqa qoʻyib koʻzini yumdi. Yana qulogʻi shangʻilladi. Hushtak chalindi. Keyin eshikning gʻijirlashini eslatuvchi ovoz...

Burgaga achchiq qilib...

Mashina toʻxtaganda Davron qalqib ketdi. Koʻzlarini ochdi. Yoʻlda uxladimi yo tush koʻrdimi? Qandaydir gʻaroyibotlar bayon etilgan kitob oʻqiganga oʻxshaydi. Uzun boʻy, yassi bosh odamlar xayoliga muhrlanib qolganday. Nima boʻlyapti oʻzi? Kecha ham shunday voqealarga duch kelgandi. Bugun ham. Tush desa tushga oʻxshamaydi. Xayol desa xayolmas. Ajab?!

Yigitali aka chiroqni yoqib-oʻchirib eshik tomonga imladi.
— Malikai dilozorimiz kech kirganda koʻchaga chiqib mening yoʻlimni poylayotganmikinlar? — dedi kulimsirab.

Davron javob bermadi.

Mashinadan tushishlari bilan ayol eriga yaqinlashdi:
— Yurish desayla, uchib ketasiz-a, shu topgacha tikilaverib koʻzim oqib tushay dedi.
— Shu yerga nuqta qoʻyib tur. Mehmon bor-a!
— Mehmon ham bilib qoʻysinlar-da. Lip etib chiqib ketibsiz, ana kelar-mana kelar, deb nima xayollarga bormadik. Raykomdan soʻrayverib bezor qilishdi.
— Raykomdan?
— Ha, raykom buvaning oʻzi qidirtiribdi.
— Nima gapi bor ekan?
— Men qaydan bilay? Sizga ming aytdim, shu rais bilan oʻchakishmang, ildizi qattiq, deb. Biron qiyiq axtarib topgandir-da. Qay mahalda kelsa ham raykomga uchrashsin, deb ketishdi.
— Obbo! — dedi Yigitali aka doʻppisini olib boshini qashigan boʻlib. — Borib kelmasam boʻlmaydi. Qani, siz ichkariga kiring. Oʻgʻling uydami?
— Ha, televizorga qadalib futbol koʻryapti.
— Chaqir darrov. Mehmonni zeriktirmasin. Men darrov qaytaman.

Yigitali aka Davronni ichkariga uzatgach, mashinaga oʻtirdi. U tezda qaytmadi. Davronni uyqu bosdi. Ayvondagi koʻrpacha toʻshalgan joyga choʻzildi-yu, taomning pishishini ham kutmay uxlab qoldi. Tongda qushlarning chugʻuridan, ishkomdagi tartarakning ovozidan uygʻondi.

Kelinchak hovli supurib yuribdi. Yigitali akaning ayoli samovarga oʻt qalash bilan band. Oʻgʻli ogʻilxonada. Oʻzi baland stol ustiga chiqib xomtok qilyapti. Davronning turganini koʻrib, tokqaychini qoʻydi-da, pastga tushdi.
— Sizga ham uyqu bermadikmi? — dedi kulib, keyin qoziqdan sochiq olib Davronga uzatdi.
— Tinchlik ekanmi, juda hayalladingiz?
— Ha, tinchlik. Amaldor boʻladiganga oʻxshayman.
— Chindanmi? Brigadirligingizga qaytdingizmi?
— Sal yuqoriroqdan kelavering, ha, Markazga xat yozishga hojat qolmadi. Haqiqat yuzaga chiqib, raykomning oʻzidayoq hal boʻlibdi. Bugun kolxozda umum majlisi. Raisni tushirishmoqchi. Menga rais boʻlasan, deb turishibdi. Shuning maslahatiga yoʻqlatishgan ekan.
— Rozi boʻldingizmi?
— Mening roziligim hech gap emas, xalq rozi boʻlsin. Xalq mengamas, men xalqqa suyanib ishlayman.

Nonushtadan soʻng Davronni mashinada eltib qoʻyishdi.

Kechagi noxush sayrning oqibati sabablimi, nima uchundir qoʻli ishga bormadi. Uch ishchi koʻhna uy poydevorining oʻrni topilgan yerni kavlashyapti. Atrof sokin. Tabiat ham mudrayotganday. Tepaliklar goʻyo oʻz bagʻriga qandaydir sirni yashirib, magʻrur yastanib yotibdilar. Ular goʻyo ajdodlarimiz panjalarining iziga oʻxshaydi. Tabiat koʻhna tarix sirlarini shunday muhrlab qoʻygan. Davronning, unga oʻxshagan arxeologlarning vazifasi tabiat muhrini buzish, sirni ochish. Ayrim odamlar ularni eski buyumlarni izlab topib, eski shaharlarni ochib muzey qilishadi, deydilar. Bir jihatdan toʻgʻri. Lekin Davron oʻz kasbining mohiyatini boshqacharoq belgilaydi. Tarix sirlarini ochish— kelgusida qoʻyiladigan xatolar oldini olishga xizmat qilishi kerak, deydi. Urushlar, qirgʻinlar natijasida xarob boʻlgan, tuproqqa koʻmilgan har bir shaharning ochilishi urushga qarshi kurashda qurol boʻlmogʻi kerak. Hozir bironta avlodi qolmagan jonivor yoki qush izining topilishi koʻngilochar ovga berilgan odamzodni ogohlantirishi zarur.

Davron shu oʻylar bilan turganda uni chaqirishdi. U tuproqni toʻzitib pastga tushdi.
— Katta xum chiqdi, — dedi ishchilardan biri unga oʻyib qoʻyilgan yerni koʻrsatib.

Davron tiz choʻkkanicha tik emas, balki yonboshlatib qoʻyilgan xumni koʻzdan kechirdi. Keyin qoʻliga kurakcha bilan sim choʻtka olib ishga kirishdi. Lanjlikdan asar ham qolmadi. Uch ishchi kuraklarini bir-biriga suyab tuproq uyumiga oʻtirdilarda, past ovoz bilan gurung boshladilar. Xumning atrofi tozalangach, asta koʻtarib chetga oldilar.
— Ichida bir narsa bormi? — dedi ishchilardan biri qiziqib.

Xumning ogʻzi ham qalin qilib suvab tashlangan edi. Davron uni bolgʻacha bilan asta-asta urib ochdi.
— Odam suyaklari, — dedi Davron xumning ogʻzini ochgach. Keyin qoʻlini tiqib kalla suyagini oldi. — Bola ekan. Yana bor shekilli? Ha... Bunisi katta odamniki. Ikkovini xumga tiqib koʻmishgan ekan.
— Qachon? — dedi ishchilardan biri uning qoʻlidan kalla suyagini olib.
— Sen tugʻilmasdan burun, — dedi ishchilarning ikkinchisi.
— Qara-chi, sening urugʻlaringdan emasmi? — dedi uchinchisi.

Shu zaylda askiya boshlandi. Davron suyaklarni joyiga qoʻyib oʻrnidan turdi.
— Anavi jonon kimni yoʻqlab kelyapti ekan, — dedi ishchilardan biri qoʻlini soyabon qilib.

Atlas koʻylak kiygan, bir qoʻlida shamsiya, bir qoʻlida sumka ushlagan, qora koʻzoynak taqqan ayol Davronning koʻziga issiq koʻrindi.
— Yana vakilmikin?
— Bunaqa vakil har kuni kelsa ham mayli, — dedi ishchilardan biri.

Davron yuqoriga chiqa boshladi. Yarim yoʻldayoq ayolni tanidi — Mahbuba! Tanidi-yu, lol qoldi. Yuragi tez-tez ura boshladi. Oyoqlari esa zilday ogʻir. Ellik qadam emas, ellik chaqirim yoʻl bosib oʻtganday boʻldi. Mahbuba koʻzoynagini olib, jilmayganicha unga qoʻl uzatdi.
— Salom, kutmaganmidingiz?
— Toʻgʻrisini aytaymi?
— Toʻgʻrisini aytganingiz ma’qul. Kutgan edim, desangiz bari bir ishonmayman.
— Ochigʻi, tushimga ham kirmagan edi.
— Shu yerda turaveramizmi yo saroyingizga boshlaysizmi?
— Ha, hozir. Siz hov anavi daraxt tomonga bora turing, men yetib olaman.

Davron shunday deb pastga tushdi-da, yigitlarga qilinadigan ishlarni tayinlab iziga qaytdi.
— Komandirovkaga kelgan edim. Ishlarim bitdi. Oqshomgi poezd bilan qaytaman. bir koʻrib ketay, dedim.
— Rahmat.
— Nimaga?
— Esdan chiqarmaganingiz uchun.
— Siz unutiladigan odamlar toifasidan emassiz. Ammo men fikrimdan qaytganimcha yoʻq. Oʻsha gaplar oʻz kuchida qoladi.
— Bunga shak-shubham yoʻq.
— Nima uchun?
— Fe’lingizni bilaman. Bir soʻzli ayolsiz.

Oraga jimlik choʻkdi. Davron Mahbuba oldida oʻzini noqulay sezdi. Nimadir deyishi, jimlikni quvishi, shuncha yoʻl bosib kelgan ayolni zeriktirib qoʻymasligi lozimligini bilardi. Lekin nima deyishga hayron edi. Mahbuba unga qarab turib kuldi.
— Oʻtiring, nima, gapingizni yoʻqotib qoʻydingizmi?
— Yoʻ-oʻq, nimaga endi... Oʻgʻlingiz katta boʻlyaptimi?
— Ha, shoʻxlik qilib yuribdi. Qilichbozlikdan boʻshamaydi.
— D’Artanyan boʻlmoqchimi?
— D’Artanyan kelmaydi, deganimdan beri oʻzi Atos boʻlib uni izlab topmoqchi.
— Bunday qilish yaramaydi.
— Sabab?
— Siz bolaning sururini jilovlab qoʻygansiz.
— Shunday boʻlgani ma’qul.
— Meningcha, bu haddan tashqari qattiqqoʻllik.
— Balki zolimlik ham dersiz?
— Shunday desa ham boʻladi. Bola kinodagi d’Artanyanni yaxshi koʻrib qolgan. U bilan uchrashishni orzu qiladi. Qahramonlikka intiladi. Siz esa uning yoʻlini toʻsasiz.
— Majburman. Uning aldanib qolishini istamayman. Kino boshqa, hayot boshqa. Intilgani, orzu qilgani bilan topolmaydi-ku, toʻgʻrimi? D’Artanyan bu zamonda yoʻq. Boʻlishi ham mumkin emas. Undan koʻra real narsalarni orzu qilishni oʻrgatishimiz kerak.
— Ammo...
— Biz bu haqda yetarli gaplashib olgan edik, qaytarishning hojati boʻlmasa kerak. Yaxshisi, ishingizdagi yangiliklardan gaplashaylik. Shuncha yerni kavlab nima topdingiz?

Ish haqidagi gaplar bari bir suhbatni jonlantirmadi. Mahbuba peshindan soʻng xayrlashdi. Davron uni katta yoʻlgacha kuzatib qoʻydi. Mahbuba uning yarasini yangilab ketdi.

Davron yolgʻiz oʻgʻil boʻlgani uchun yosh uylangan edi. Institutda oʻqiyotgan kezlari qishloqqa tez-tez kelib turar, ba’zan xotinini shaharga olib qaytar edi. U xotinining chiroyidan nolimasdi. Ammo uning yengil oʻylashi, jizzakiligi sira yoqmasdi. Qishloqda qolgan kezlari onasi bilan aytishishlarini bilsa ham avvaliga indamay yurdi. Oxir sabr kosasi toʻlib tartibga chaqirganda «onangiz chaqqan-da», leb oʻzini yuldi. Davron xotinining bu qadar befahmligiga chidab turolmadi. Anchagacha qoʻydi-chiqdi boʻlib yurdilar. Davlat imtihonlari arafasida onasi qattiq ogʻrib qoldi. Davron uni shahardagi kasalxonaga olib keldi. Tunlari oʻzi navbatchilik qildi. Imtihondan bir kun avval xotiniga: «Buguncha siz navbatchilik qiling», deganda u odaticha poʻngʻillab: «Men onangizning axlatini tozalayman deb sizga tegmaganman», dedi. Davronning koʻz oldi qorongʻilashib ketdi. Xotini odam emas, alvasti boʻlib koʻrindi. Ikki kundan soʻng onasi olamdan oʻtdi. Davron xotini bilan uzil-kesil ajrashdi.

Oʻtgan qishda qadimiy manbalardan foydalanishga ehtiyoj sezib qoʻlyozmalar ilmiy-tekshirish institutiga keldi. Shu yerda ishlovchi qorachadan kelgan boʻliq juvon e’tiborini tortdi. Burnining bir oz puchuq ekanini aytmasa, koʻzlari kulib turuvchi bu juvonning istarasi issiq edi. Ayollarga gap tashlab, ilitib olish iste’dodidan bebahra boʻlgan Davron uni zimdan kuzatar, aytilishi kerak boʻlgan gaplari ichida qolib ketardi. Xonadagi ayollarning gap-soʻzidan bu juvonning bevaligini bilib bir kuni sayrga taklif qildi. Ayol noz qilib oʻtirmay rozi boʻldi. Davronning qalbiga oʻt qalagan bu juvon — Mahbuba edi. Shundan soʻng bir-ikki marta kinoga kirishdi, oqshomlari sayr qilishdi. Darhaqiqat, Mahbuba aqlli ayol edi. Davron, Mahbuba soʻramasa ham xotini bilan ajralish sababini aytib berdi. Mahbuba uning hikoyasini jimgina eshitdi. Davronga «Siz haq yoki nohaq boʻlgansiz», ham demadi.
— Nimaga indamay qoldingiz? — dedi shunda Davron.
— Biron narsa deyishim kerakmi?
— Har holda...
— Yoʻq, men biror xulosa chiqarolmayman. Siz oʻzingizcha haqsiz, xotiningiz oʻzicha. Xotiningizni yoqlasam, sizga malol keladi, sizni yoqlasam... Har holda xotin kishining ahvolini tushunishga harakat qilish kerak.
— Axir...
— Keling, bu haqda tortishmaylik. Men maqsadingizni tushundim. Siz endi mendan ajralishim boisini soʻramoqchisiz. Erimni yomonlamayman, chunki uni yaxshi koʻrib tekkanman. Qoʻpollik qilmagan, sira soʻkmagan, mast-alast yurmasdi, aqlli edi. Lekin turmush uchun shuning oʻzi kifoya emas ekan. U eng muhim narsani — mustaqil hayot kechirishni bilmas edi. Hatto bolalik boʻlgandan keyin ham ota-onasining ogʻziga qarardi. Ota-onasi nima desa shu. Yot desa yotadi, tur desa turadi. Manavi ishni qil, desa bajaradi, qilma desa, tegmaydi. Men «teatrga boraylik», desam, otasidan maslahat soʻraydi. Qaynatam bormanglar desa, indamay boʻyin egib kelaveradi. Qaynatam bilan qaynanam ham yomon odamlar emas edi. Ammo ularning dunyo-qarashi boshqa, bizniki boshqa. Ular boshqa davrda shakllanishdi, biz boshqa davrda. Ular teatrsiz ham yashash mumkin, deyishadi. Ammo biz bunday qilolmaymiz-ku! Buni ularga yotigʻi bilan aytsangiz tushunishadi-ku. Yoʻq, erim buni aytolmas edi. Gapimni toʻgʻri tushuning, men uni ota-onasidan boʻyin tovlasin, demoqchi emasman. Erkak erkak boʻlishi, mustaqil fikrlashi, hayot kechirishi kerak. Ayrim erkaklar gʻururlarini yerga urib yurishadi. Meniki ham... Shuning uchun ajrashdik.
— Erkak kishining bunchalik boʻlishi yaramaydi.
— Iltimos, erimning yaxshi-yomonligini muhokama qilmang.

Shu suhbatdan soʻng Davronning unga nisbatan boʻlgan mehri yanada ortdi. Oqshomgi sayrlardan birida unga muddaosini aytdi.
— Shunday maqsadingiz borligini birinchi uchrashuvdayoq sezganman, — dedi Mahbuba. — Siz bilan birga yurib uyga kech qaytganimda oʻgʻlim kutib olardi. «Qaerda edingiz?», deb soʻrardi. «Uch mushketyor»ni koʻrgandan beri d’Artanyan tilidan tushmay qolgan. Shuning uchun meni «d’Artanyanni koʻrgani bordim», derdim. Oʻgʻlim darrov meni soʻroqqa tutardi. «D’Artanyan biznikiga ham kelmadimi?», deb hol-jonimga qoʻymasdi.
— Siz nima deb javob qilardingiz?
— Keladi, derdim... Lekin kecha... kelmaydi, dedim.
— Nima uchun?
— Buni sizga tushuntirishim qiyin. Nazarimda, hozirgi erkaklar ancha maydalashib ketganga oʻxshashadi. Gʻiybat xotinlarga yarashadigan narsa. Lekin erkaklar ham gʻiybatdan boʻshamay qolishgan. Mard, jasur, bir oz qoʻpol, epchil erkaklar oz juda. Buning oʻrniga xudbinlar, meshchanlar koʻpayib ketayotganga oʻxshaydi.
— Unchalik emas... Erkaklar mardligi, jasurligini sizga qanday namoyish qilishi kerak?
— Namoyish qilish shart emas. Odamning fe’li, xatti-harakatidan, soʻzlaridan bilinib turadi. Masalan, bir odam suvga choʻkyapti, siz oʻylab oʻtirmay qutqarishga tashlanasizmi?
— Shaxsan menmi yo umuman aytyapsizmi?
— Shaxsan oʻzingiz.
— Men suzishni yaxshi bilmayman.
— Axir bir odam oʻlyapti-ku!
— Men oʻzimni suvga tashlaganim bilan uni bari bir olib chiqolmayman. Oʻzim ham...
— Ana, koʻrdingizmi, siz ham yigirmanchi asr vakilisiz. Erkaklar, xotinlarning qosh-koʻzini maqtab, ashula aytib oh-voh qilib yuraverishadi...
— Siz juda oshirib yubordingiz. Fikringizga mutlaqo qoʻshilmayman. Masalaga toʻgʻri yondashish kerak.
— Ana koʻrdingizmi, «masalaga yondashishimiz» butunlay boshqa-boshqa. Siz esa «d’Artanyan kelmaydi», deganimdan norozisiz.

Javob ravshan edi. Davron u bilan boshqa uchrashmay qoʻydi. Lekin unuta olmadi. Mahbubani chindan yaxshi koʻrib qolgan edi. Uning kulib turuvchi koʻzlari, qorachadan kelgan chehrasi nigohi oldidan ketmasdi. Lekin bosh egib borishga gʻururi yoʻl bermadi.

Bugun Mahbubaning oʻzi shunchaki keldimikin yoki fikri oʻzgarganini bildirib ketdimi?

Oradan besh kun oʻtgach, Davron institutdan telegramma oldi. Rahbarlar «Masalani birgalikda hal qilish uchun» uni chaqirishibdi. Masala Davron oʻylagandan ham tez hal boʻldi. U idorada yarim soatgina oʻtirdi. Idora sohibiga xayr ham demay, xonadan chiqdi-yu, kotibadan bir varaq qogʻoz soʻrab olgach, nima deb yozishni bilmay oʻylanib qoldi. Avval noroziligini ifoda etib, soʻng boʻshatishlarini soʻrasinmi yoki oddiygina qilib «Oʻz xohishim bilan», deb yozsinmi? «Norozilik bildirsam gap koʻpayadi. U edi, bu edi, deb arizamni qoʻlimga qaytarib berishadi. Bu odamga bas kelib boʻlmaydi. Tinchgina «oʻz xohishim bilan boʻshating», deb qoʻya qolaman». Davron shu qarorga kelib, ikki satrdan iborat arizani yozdi-da, kotibaga berdi. Koʻchaga chiqqach, vujudidan bir narsa uzilib tushib qolganday boʻldi. «Bekor qildimmi?» degan savol miyasiga gurzi boʻlib urilaverdi. «Arizamni qaytarib olsammikin», degan xayolga ham bordi. Ammo odam zotidagi xohish va jur’at oʻrtasida mutanosiblik boʻlavermaydi. Toʻgʻrirogʻi, istagan ishini amalga oshirishga jur’at qila oluvchilar kam. Aksar odamlarda biror narsaga xohish tugʻilgan onda turli xayollarga, ba’zan istiholaga borib, ba’zan kimgadir rahm qilib, ba’zan esa kimdandir oʻch olish qasdida yonib, oʻylagan ishini bajarmaydi. Davron ham shunday kishilar toifasidan. U telegrammani olgan zahotiyoq, kimga uchrashishini, nima gaplar boʻlishini taxmin qilgandi. Shubhasi toʻgʻri chiqdi: uni dotsent Bekmirzaevni jinidan battar yomon koʻruvchi institut rahbarlaridan biri — Niyozning qarindoshi yoʻqlatgan edi. U Davronni ochiq chehra bilan qarshi oldi. Eng yaqin mehribonlaridan ham eshitmagan shirin gaplarni shu kishidan eshitdi. Davron bu lutfu karamning niqob ekanini, niqob ortida oʻtkir tigʻli xanjar shay turganini yaxshi tushunib turardi. Uning aqli faqat bir narsadan lol edi: Bekmirzaevku olamdan oʻtib ketdi. Endi Bekmirzaev boshlagan ishni toʻxtatishdan nima naf koʻrmoqchi bu odam? Nahotki Yozyovondagi qazishmalarning mutlaqo kelajagi boʻlmasa? Yoʻq, kosaning tagida nim kosa boʻlishi aniq! Faqat niqob qachon ochiladi-yu, nim kosa qachon yuzaga chiqadi, shunisi noma’lum. Odatda, makkorlik bobida xotinlarning tengi boʻlmaydi, deyishadi. Aytishlaricha, Amazonka sohillarida poʻsti bebaho sanaluvchi bahaybat boʻgʻma ilon yasharkan. Har qanday kuchli, har qanday dovyurak erkak ham u bilan yuzma-yuz kelsa hayotdan umidini uzib qoʻyaverar ekan. Ana shu bahaybat ilonni chiroyli ayollar osongina tutib berisharkan. Ular ilonning ini yoniga kelib, kiyimlarini yechib onadan qanday tugʻilgan boʻlsalar, shu holga kelib turarkanlar. Oshiq ilon unga oʻralib mast boʻlgach, panadagi erkaklar chiqib uni saranjomlar ekanlar. Davron idorada oʻtirib rahbarning soʻzlarini tinglar ekan, oʻsha baxtiqaro ilonlar bilan goʻzal, ayni chogʻda makkor ayollarni esladi.
— Men Bekmirzaevni gʻoyatda hurmat qilardim. U noyob iste’dod egasi edi. Doʻstim boshlagan ishni davom ettirish qasdida ekaningizni bilib, boshim osmonga yetdi. Biroq...

«Ayol yechindi. Endi ilon tashqariga chiqishi kerak», deb oʻyladi Davron.
— Biroq... oʻzingizga ma’lum, hamma ishimiz reja asosiga qurilgan. Shunga yarasha mablagʻ ajratiladi. Yozyovondagi ish yaqin yillardagi rejamizda yoʻq edi. Ammo Bekmirzaevga nisbatan boʻlgan hurmatim tufayli oʻrtoqlardan iltimos qilib oʻrtaga tushgan edim. Afsuski, biz rejamizdagi ishlarning xotimasini ham oʻylashimiz kerak.

«Ilon ayolga chirmashishi kerak. Lekin men sen oʻylaganchalik goʻl emasdirman», deb oʻyladi Davron uning soʻzlarini diqqat bilan tinglar ekan.
— Shuning uchun Yozyovondagi ishni vaqtincha toʻxtatamiz. Piskentdagi oʻrtoqlar yordamga muhtoj. Sizni oʻsha ekspeditsiyaga rahbar qilib tayinlaymiz...

Kutilmaganda ilon yalangʻoch ayolga chirmashish oʻrniga atrofida bir aylandi-yu, ovora boʻlib yechingani uchun unga rahmat aytib iziga qayta boshladi.

Avval ozgina bahs boʻldi. Davronning barcha tushuntirishlari «Toʻgʻri-yu, lekin iloj qancha?» qabilidagi soʻzlar bilan boʻgʻildi.

Davronning joni hiqildogʻiga kelib qoldi. Nima qilish kerak, bu odamni urib boʻlmasa, soʻkib boʻlmasa... Tushuna turib oʻzini goʻllikka soladi. Qaysar eshakday oyoq tiraydi. Davronning xunobi oshgandan oshib, oxiri «Yozyovonda ish toʻxtasa, men bu yerda qololmayman», deb yubordi. Nazarida, rahbar shu gapdan keyin sal pastga tushishi kerak edi. Yoʻq, bunday boʻlmadi. U oʻsha-oʻsha muloyimlik bilan «Xohishingiz, oʻzingiz istamasangiz sizni zoʻrlab ishlata olmaymiz. Iste’dodingizga tan berardik, ammo ilojimiz qancha!», deb qoʻya qoldi.

Davron koʻchada keta turib uning har bir soʻzini qayta-qayta esladi. Tirjayib tilla tishlarini namoyish etuvchi, hissiz boquvchi, silliq, ajinsiz yuzlariga sovuq parda tortilgan bu odam uning koʻz oldida turib oldi.

U qaerga borishni, dardini kimga toʻkib solishni bilmadi. Boʻlgan voqeadan xabar topgan har bir qadrdoni, shubhasiz, «burgaga achchiq qilibsan», deb nasihatga tushadi. Bunday gaplarga Davronda sira toqat yoʻq. U oʻzini haq deb biladi — tamom! Davron avvaliga koʻchadagi odamlar oqimidan ajrab, xoliroq yerga— katta anhor sohilidagi moʻ’jaz boqqa bormoqchi edi. Ammo nima uchundir trolleybusga chiqib temir yoʻl bekati tomonga ketdi.

Bekatdagi odamlar iniga choʻp suqilgan arilarday tinim bilishmaydi. Davron kerakli poezdning joʻnash vaqtini bilsa-da, qatnov jadvali oldida uzoq turib qoldi. «Uyga ketvorsammikin? — deb oʻyladi u. — Bir-ikki yildan keyin qaytib kelaman. Axir u bir umr ishlamas-ku... Men ham koʻproq ogʻzida ish bajaradigan odamga aylanib boryapman. Birdaniga ariza tashladim. Birdaniga ketmoqchiman. Necha yillik hayotimni tuproqqa qorishtirib qaytmoqchiman. Ketmaymi? Unda bu yerda nima qilaman? Ishga qaytmayman. Kurashishga qoʻlim kalta. Birovdan yordam soʻramayman. Kalla gʻovlab ketdi...»
— Qaysi tomonlarni moʻljal qilib turibsan?

Davron orqasiga, ovoz kelgan tomonga qaradi. Bir qoʻlida katta chamadon tutgan, katta tugunni qoʻltiqlab olgan, kiyimlari ancha uringan, soch-soqoli oʻsgan oʻttiz besh yoshlardagi kishini avvaliga tanimadi.

  

— Nimaga anqayib qolding, kardinal, tanimadingmi?
— Tal’at aka?
— Ha, oʻzimman. — U shunday deb chamadonni yerga qoʻydi-da, qoʻltigʻidagi tugunni boʻshatmaganicha unga qoʻl uzatdi. — Qayoqqa bormoqchisan?

Davron qaerga borishini oʻzi ham bilmagani uchun javob qaytarishga taraddudlandi. Tal’at buni sezdi. Yelkasiga mushti bilan asta turtib kuldi.
— Boshing oqqan tomongami? — dedi u jadvalni imlab koʻrsatib. — Men ham hayron boʻlib turibman.
— Yana daydilikning xumori tutdimi, deyman?
— Daydilik deysanmi? — Tal’at bosh chayqadi. — Yoʻ-oʻq, kardinal, bunisi daydilik emas.
— Sayrmi?
— Bu soʻzing haqiqatga yaqinroq. Sayr ham sayr, sargardon ham sayr degan gaplar bor bu yorugʻ olamda, eshitganmisan? Qani, yur tashqariga chiqib hangoma qilaylik. — Tal’at shunday deb chamadonni koʻtardi-da, bekat roʻparasidagi daraxtzor tomon yoʻl boshladi. Davron unga soʻzsiz ergashdi. Bir jihatdan hamqishlogʻini uchratib xursand boʻldi. Tal’atning soʻrab-surishtirish odati yoʻq.

Davron Tal’atni maktabda oʻqib yurgan kezlaridan beri biladi. Ammo shu paytgacha uning fe’liga tushuna olmaydi. Esi butun desang, dam togʻdan, dam bogʻdan keladi. Hech kimning otini aytib chaqirmaydi. Birovga «kardinal», birovga «moestro», ayollarga «ledi» deb murojaat qiladi. Savdoyimikin, deb oʻylasang, gaplari ma’nodan xoli emas. Odamlarga yomonlik qilmagan, ogʻzidan haqorat uchganini hech kim bilmaydi. Ayni chogʻda u qishloqdagi tengdoshlariga kamdan-kam qoʻshilardi. Yigitlar choyxonada oshxoʻrlik qilayotgan damda u qaysi bir ovloq joyda yonboshlab kitob oʻqiyotgan boʻlardi. Kitobni sevish, qadrlashni Davron Tal’atdan oʻrgangan. Davron oʻshanda toʻqqizinchi sinfda oʻqirdi. Harbiy xizmatdan qaytgan Tal’at shu sinfdagi Mashkuraga koʻngil qoʻydi. Davron u kezlari Mashkuraning partadosh dugonasi bilan koʻz urishtirib yurardi. Davron bilan Tal’atning yaqinlashuviga shu qizlar sabab, desa ham boʻladi. Chunki Mashkura Tal’at bilan uchrashuvga sira yolgʻiz bormas, tabiiyki, dugonasiga qoʻshib Davronni ham sudrardi. Ularning suhbatlari turli kitoblarda bayon etilgan voqealar atrofida boʻlardi. Tal’at har uchrashuvga yangi kitob koʻtarib kelardi. Toʻgʻri, ba’zan u maqtagan asarni oxirigacha oʻqishmasdi. Ular koʻproq sevgi uchun kurashuvchi oshiq-ma’shuqlarning boshidan kechirganlari, ularning bir-biriga roz aytishiyu birinchi boʻsaning mazasi kabi gaplar yozilgan kitoblarni berilib oʻqirdilar. Davron oʻsha damdagi kitobsevarligini eslasa soddaligidan kulib qoʻyadi. Yoʻq, buni soddalik deb ham boʻlmaydi. Moʻylablari endi sabza urib, ovozlari doʻrillab, qizlarning bilagiga barmoq uchi tegib ketganda entikadigan, kunu tun qizlarni oʻylaydigan yoshda bundan oʻzgacha boʻlishi ham mumkin emas. Bu yoshda bir satr falsafa, bir satr aqlli gap ular uchun ortiqcha. Bir boʻsa tarixini bayon etuvchi yostiqday kitob esa yetarli emasday tuyuladi. Xullas, koʻz ochib yumguncha sururga boy damlarning nihoyasi koʻrina boshladi. Gazetalarda yozilaverib siyqasi chiqib ketgan ibora bilan aytganda ular «mustaqil hayot ostonasiga» qadam qoʻydilar. Qoʻydilar-u, birgalikda uchrashuvlar, kitobxonliklar barham topdi. Tal’atning onasi Mashkuralarning koʻchasini bir necha bor supurdi. Ikki yil mobaynida «Tal’at» desa koʻzi yonuvchi Mashkura birdaniga oʻzgardi qoldi. Sovchilar quruq qaytishaverdi. Tal’at nima gap boʻlayotganini anglab yetmay Mashkuraning toʻyi haqidagi xabar tarqaldi: u RayPO mudirining oʻgʻlini tanlabdi. Tal’at buni eshitdi-yu, qishloqda koʻrinmay qoldi. Davron bir kuni Mashkurani koʻchada uchratib «Nimaga bunday qilding?» deb soʻradi. U esa qoshlarini chimirib: «Nima, u bilan chimildiqda ham kitob oʻqib oʻtirishim kerakmidi?» dedi. Davron quloqlariga ishonmadi. Mashkuradan shunday gap chiqishi, uning bu qadar tez oʻzgarishi yetti uxlab tushiga kirmagan edi.

Davron oʻsha yili oʻqishga kiraman, deb shaharga yoʻl oldi-yu, quruq qaytdi. Kuzda harbiy xizmatga ketdi. Xizmatni tugatib, institutga kiraman deb yurganida Tal’at qishloqqa qaytib keldi. U uch yil shaharma-shahar yuribdi. Institutga ham kirib oʻqibdi. Ammo oʻqish yoqmay, tashlab qishloqqa qaytibdi.
— Shaharning ohanrabosi bor, deb oʻylardim, — dedi u bir kuni Davronga yorilib. — Yoʻq, aldamchi his ekan. Shaharlarning havosiga, shovqiniga, harakatiga koʻnika olmadim. Kunda yigirma toʻrt soat harakatda boʻlsang ham vaqt yetishmaydi. Bunday orqangga qarasang, umring bekor oʻtayotganga oʻxshaydi.

Davron oʻshanda unga tayinli bir gap aytolmagan edi. Keyinchalik oʻzi shaharda oʻqib, ishlab yurgan kezlarda uning bu gapini koʻp esladi, mulohaza qildi. Tal’at mutlaqo nohaq edi. U shaharlarni maqsadsiz kezdi. Institutga ham bemaqsad kirdi. Shuning uchun oxirigacha oʻqigisi kelmadi. U yashamoqning mazmunini (garchi koʻp oʻqigan boʻlsa-da) yaxshi anglab yetmagan edi. Shu sababli umri besamar oʻtayotganady tuyulardi. U qishloqqa qaytgach ham tayinli ishga qoʻl urmadi. Boqqa qorovullik qilib, boʻsh vaqtini yana kitoblarga sarfladi. Davron oʻqishga ketadigan chogʻda unga bir kitob sovgʻa qildi.
— Shu yerda oʻqib ol. Bundan soʻng bironta ham kitob oʻqiy olmaysan, —dedi u.
— Nimaga? — dedi Davron bu gapdan ajablanib.
— Shaharga borganingda bilasan. — Tal’at boshqa soʻz aytmay orqasiga qaytgan edi.

Darhaqiqat, Davron bir-ikki yil badiiy asar oʻqiy olmadi. Institutning dastlabki kurslarida vaqtni toʻgʻri taqsimlay olmay koʻp qiynaldi. Keyinchalik barcha ish uchun vaqt topadigan boʻldi. Kitob ham oʻqidi. Faqat avvalgiday duch kelganini emas, tanlab, saralab oʻqidi...

Bekat eshigidan chiqqach, katta koʻchani kesib oʻtib daraxtzor oʻrtasidagi oʻrindiqdan joy olgunlariga qadar Davron mana shularni xayolidan oʻtkazdi. Tal’at koʻkrak choʻntagidan yarim chekilgan sigaretni olib tutatdi. Bir-ikki tortgach, yoʻtali tutdi.
— Shu ham yoqmay qoldi, chekmay desam, oʻrganib qolganman, tashlashning iloji boʻlmayapti. Cheksam yoʻtal tutadi.
— Irodangiz boʻshashib qolibdi.
— Avval mustahkam edimi? — Tal’at qoʻl siltadi.— Bu sohada oʻzgarish yoʻq, kardinal. Ishlaring qalay?

— Yomon emas.

— Yomon emas, deganing «unchalik yaxshi emas», degan ma’noni ham anglatadi. Bekatda dovdirab turganingdan biluvdim. Lekin nima uchun yaxshi emasligini surishtirmayman. Bu sening shaxsiy ishing.
— Bitta ablah odam bor... — Davron oʻzi bilmagan holda yorila boshladi. Lekin Tal’at uni gapirtirishga qoʻymadi.
— Agar bu dunyoda faqat bittagina ablah odam boʻlsa, doʻppini chambarak qilib yursa arzirdi. Ha, mening qishloqdan nima uchun ketayotganimni bilmaysan, a?
— Bu sizning shaxsiy ishingiz... — dedi Davron uning gapiga shama qilib. Tal’at bunga e’tibor bermadi. Oʻchib qolgan sigaretasini yana yondirdi.
— Qishloqning tinchi buzildi. Zavod qurilayotganini eshitgandirsan? Endi qishlogʻimiz shaharga aylanarkan. Oʻzim shahardan bezib qishloqqa qaytib kelgandim. Endi qayga borishni bilmay garangsib turibman.
— Tal’at aka, bir gap aytaymi?
— Aytma, kardinal. Nasihatga muhtoj emasman. Yaxshisi ortiqcha puling boʻlsa ozroq qarz ber. Tilanyapti, deb oʻylama. Tirikchilikka yetarli mablagʻim bor. Faqat biror yerga borib ishga joylashgunimcha yetmay qolishi mumkin. Birinchi maoshimdan qaytarib yuboraman.

Davron choʻntagida borini berdi. Har ehtimolga qarshi deb, oʻziga bir-ikki soʻm olib qoldi.

Tal’at pulni qoʻlida ushlab, unga tikilganicha jim oʻtirdi. Aftidan pul soʻrashga soʻrab qoʻyib, endi ichini it tatalayotgan edi.
— Qishloqqa borsang... opamnikiga kir. Kitoblarimni oʻsha yerda qoldirganman. Bir toʻpini sen uchun ajratib qoʻygan edim. Hammasini ola qol. Bari bir u yerda hech kim yolchitib oʻqimaydi. Xor boʻlib, titilib ketadi. Sen yaxshi asraysan... Pul berganing uchun in’om qilayotganim yoʻq, avvaldan shunday niyatim bor edi... Qarzimni albatta qaytaraman.
— Qistayotganim yoʻq shekilli? Kitoblarni sota qolmabsiz-da?
— Kitob sotganimni koʻrganmiding? Ularning har bir sahifasiga umrimni berganman-ku!? Odam umrini sotishi mumkinmi? Sotolmaydi. Odam faqat ikki narsasini — baxtini yoki qaygʻusini sotishi mumkin. Baxtini qizgʻanadi. Qaygʻusini esa hech kim olmaydi. Hatto sen ham meni tushunmaysan...

Tal’at pulni choʻntagiga solib oʻrnidan turdi.
— Uyga borib choy-poy ichaylik.
— Yoʻq, uyingga bormayman. Choy desang mayli, choyxonaga oʻtaylik.

Ular anhor yoqasidagi choyxona tomonga yurdilar. Tushlik payti yaqinlashgan edi. Davron bir choynak choy bilan ikki piyolani xontaxtaga qoʻyib «Bir chinnidan lagʻmon olib kelay», deb yemakxona tomonga oʻtdi. Navbat kutib picha turib qoldi. Ikki qoʻlida ikki kosani koʻtarib choyxona tomonga oʻtdi-yu, hozirgina Tal’at oʻtirgan joyning boʻshab qolganini koʻrib ajablandi. Xontaxta ustiga toʻntarib qoʻyilgan piyolani olgach, voqeaga tushundi: Tal’at Davron bergan pulni shundayligicha qoʻyib ketibdi...

Davron avvaliga uning orqasidan bormoqchi boʻldi. Soʻng borishning befoydaligini bilib joyiga qaytdi. Dili battar xufton boʻlib tomogʻidan ovqat oʻtmadi. Tez-tez yurib koʻchaga chiqdi-da, trolleybusga oʻtirib uyiga joʻnadi.

Koʻcha yuzidagi oynavand doʻkon oldi gavjum edi. Davron beixtiyor oʻsha tomonga yurdi. Muzdek pivoni ketma-ket sipqorgach, sal kayf qildi. Koʻngli xush boʻlmay, battar asabiylashdi. Shunda ham turgisi kelmadi. Atrofda toʻp-toʻp boʻlib oʻtirgan pivoxoʻrlarning ayrimlari faqat oʻzlari tushunadigan payrovda askiya qilar, ba’zilari qattiq bahslashar, yana birovlari sigaret tutatganicha xotirjam suhbat qurar edi. Davronga oʻxshash yakka-yolgʻiz pivoxoʻrlar esa ularga qiziqishsiz qarab oʻtirishar edi. Pivo ta’sir qildimi yo havoning qizigani sabab boʻldimi, har nechuk uni uyqu bosdi. Koʻzlari yumilib ketaverdi. Shuning uchun oʻrnidan turib uyiga ketdi.

Xonasiga kirib choʻzilishi bilan uyqu qochdi. Ertalabki noxush suhbat, yozib tashlab kelgan arizasi xayolidan nari ketmay qoldi. Oʻrnidan turib ketdi. Xonada bir oz yurib yana yotdi. Yana turdi. Kitob olib oʻqimoqchi boʻldi. Koʻzlar harf teradi, ammo nima oʻqiyotganini oʻzi ham bilmaydi. Satr oxirlamay turib soʻzlarni unutadi. Shu zaylda azob chekib oʻtirganda qoʻngʻiroq jiringladi. Erinibgina turib eshikni ochdi. Ostonada jilmayib turgan Mahbubani koʻrib koʻzlariga ishonmadi.
— Ostonada soʻrashish gunoh hisoblanarkan, — dedi Mahbuba kulimsirab.

Davron shundagina xayolini jamlab uni ichkariga taklif qildi. Betartib sochilib yotgan narsalarni shoshib yigʻishtirishga tushdi. Mahbuba uning harakatlariga bir oz qarab turdi-da, keyin yordamlasha boshladi.
— Siz... urinmang, oʻzim... oʻzim yigʻishtirib qoʻyaman. Mehmonning ishlashi ayb boʻladi.
— Erkak kishining uyda ivirsib yurganini koʻrsam gʻashim keladi.

Davron kulimsirab qoʻydi.
— Sizni koʻchada koʻrib qoldim. Ishxonangizga telefon qilsam, bir qiz ishdan boʻshab ketdilar, dedi. Hayron boʻlib uyingizga kelaverdim. Tinchlikmi oʻzi?
— Tinchlik...
— Aytishib qoldingizmi?

Davron bosh irgʻadi. Ayol kishiga hasrat qilishni istamadi. Ammo Mahbuba gapni aylantirib shu mavzuga taqayvergach ariza yozishining boisini qisqa qilib aytdi.
— Faqat «Burgaga achchiq qilibsiz, irodangiz boʻsh ekan», demang. Nasihat ham qilmang, iltimos.
— Endi nima qilmoqchisiz?
— Bilmadim.
— Qoʻli kuchli birni, bilimi kuchli mingni yengar, degan hikmat bor. Yigʻlamsirash sizga yarashmaydi.
— Nima dedingiz!? Yigʻlamsirash?.. — Boshqa soʻz aytishga, oʻzini oqlashga, Mahbubaning nohaqligini isbotlashga tili aylanmadi. Mahbuba uni haqorat qilish niyatida bunday demadi. Achinganidan, kuyunganidan aytdi. Oʻylab qarasa, bir jihatdan gapi toʻgʻri. Erkak kishining ayol oldida nochor ahvolda mungʻayib oʻtirishi darhaqiqat uyat. Davronni bu noqulay ahvoldan Mahbubaning oʻzi qutqardi.
— Qilayotgan ishingizning toʻgʻriligiga ishonchingiz komilmi? — dedi.
— Ha.
— Unda chekinmang, boʻsh kelmang.
— Bilaman! Chekinmoqchi emasman! Yigʻlamsirayotganim ham yoʻq! Men bu ishni oxiriga yetkazmay qoʻymayman!

Davronning kun boʻyi yigʻilib qolgan dardi baqiriqqa aylanib yuzaga chiqdi. Beayb ayolga baqirishning nooʻrinligini bilsa ham oʻzini tuta olmadi. Mahbuba uning gaplarini indamay eshitdi. Davron jim boʻlgach, oʻrnidan turdi.
— Mahbuba, kechiring, oʻzimni tutolmadim, — dedi Davron uning yoʻlini toʻsib.
— Xafa boʻlganim yoʻq. Uyga barvaqtroq qaytishim kerak. Oʻgʻlim betob. — U shunday deb Davronni chetlab oʻtdi. — Umuman erkak kishining baqirib turishi ham yaxshi. Lekin besabab baqirish uning johilligini fosh qilib qoʻyishi mumkin.

Mahbuba eshikni ohista yopdi. Biroq Davronning nazarida, eshik juda qattiq yopilganday, uy titrab ketganday boʻldi.

Bu kech mutlaqo uxlay olmadi. Avvaliga boʻlib oʻtgan voqealarni aql tarozusiga bir-bir qoʻyib chiqdi. Boshi yostiqqa tegishi bilan qulogʻi shangʻilladi. Keyin hushtak, soʻng eshikning gʻijirlashini eslatuvchi ovoz. Yurakning tez-tez urishi... Bu safar vahima bilan turib ketdi. Chiroqni yoqdi. Koʻzguga qaradi: xiyol qisiq koʻzlari qizarib ketgan, tepaga taraluvchi sochlari parishon. Ozganga oʻxshaydi. Yonoq suyaklari boʻrtib qolibdi. Goʻyo koʻzgudan unga yassibosh odam qaraganday boʻldi. Davron seskanib hovliga chiqib ketdi. U hovlidagi soʻriga suyanib ochiq eshikka tikilib turdi. «Kim bu oʻzi? Nima uchun ta’qib qilyapti? Nima uchun men gʻalati voqealar domiga tortilyapman? Allaqanday yassibosh uch barmoqli odamlar... Tush koʻryapmanmi? Axir bu tez-tez takrorlanyapti-ku! Bugun uchinchi marta koʻrinishi. Asablarim charchaganmi? Yo ruhiy kasalga chalindimmi? Ichkilikka berilgan odamlarni sharpalar ta’qib qiladi, deyishadi. Balki men ham. Axir, men koʻp ichmayman-ku...»

Yoʻq, Davron ruhiy kasalga chalinmagan edi. Uni sharpa ta’qib etmasdi. Uning koʻziga Nig koʻrinayotgan edi. Tabiatda hech narsa izsiz yoʻqolmaydi. Bundan necha asrlar muqaddam Yerga kelib ketgan Nig atmosferaning hali odamzodga noma’lum zarralarida yashab yurardi. Yerni oʻrganish maqsadida, sayyoraning bir nuqtasiga qadalib qolgan asboblar hanuz ishlab turar, u oʻzining toʻlqinlari bilan Davronning miya toʻqimalariga ta’sir etib qoʻygan edi. Bu oʻzgarish dotsent Bekmirzaevda ham sodir boʻlgan, ammo bevaqt oʻlim uni kelgusi sinovlardan mahrum qilgan edi. Yozyovondagi qazilmalarda tanaffussiz ishlayotgan Davron Unetdan kelayotgan toʻlqinlar domiga tobora chirmashar, tabiiyki, buni oʻzi sezmas edi. U ochiq eshikka uzoq tikilib turdi. Yurak urishi moʻ’tadillashgach, ozgina xavotir bilan ichkariga kirdi. Chiroqni oʻchirmay yotdi. Ammo shu topning oʻzida qulogʻi shangʻilladi, koʻziga yassibosh odam koʻrindi.

Uloq

Davron nima qilarini bilmay yana ikki kun shaharda qolib ketdi. Yuragi siqilib, duch kelgan odam koʻziga olchoq boʻlib koʻrinaverdi. Kechalari uyquda halovat yoʻq. Kunduzi birovga yorila olmay qiynaladi. Nihoyat uchinchi kuni oqshomda bekatga yoʻl oldi.

Qishlogʻiga ham sigʻmadi. Yuragi toshib ketaverdi. Ustiga-ustak xotini haqidagi (qoʻyib yuborgan boʻlsa ham) mish-mishlar koʻkragiga choʻgʻday bosilardi. Shuning uchun avtobusga oʻtirib Yozyovon tomonga joʻnadi. Shu kunlar ichi xayolida bir reja kurtak ochgan, ammo uni amalga oshirish yoʻlini belgilay olmay garang edi.

Avvaliga kolxozga borib Yigitali akani topmoqchi ham boʻldi. Biroq xayolimni bir yerga toʻplab olay, degan qarorga kelib toʻgʻri qazilma manziliga oʻtib ketdi.

Chodirlar yigʻib olingan. Oʻydim-chuqur yer yetim qolgandek mungʻayib turibdi. Yengil shabada qoʻzgʻalgan kezlari gʻubor bir koʻtariladi-yu, goʻyo eringanday, yana ohista yerga qoʻnadi. Xayolini jamlash maqsadida bu yerga kelgan Davron kalavaning uchini butunlay yoʻqotdi. Uzoq vaqt nest boʻlib turdi. Keyingi kunlar ichidagi voqealar, koʻrgan odamlari, suhbatlar, gʻijirlab asabga teguvchi eski charxpalak singari qayta-qayta yodiga tushaverdi. Turaverib oyoqlari toliqdi. Asta yurib pastga tushdi. Darhaqiqat, yer koʻp kavlandi. Ammo natija yetarli boʻlmadi. Lekin bu hech qachon, hech qaerda ishni muddatidan ilgari, chala holda tugatishga asos boʻlgan emas. U odam yo johil, yo xudbin, yo olchoq yoki hiylagar. Balki shu toʻrt «fazilat»ni biratoʻla oʻzida mujassamlantira olgan badbaxtlardandir? Mana shu yer, mana shu tuproq necha asrlarni koʻrdi, necha xil voqeaga guvoh boʻldi, necha-necha odamning qonini, koʻz yoshini shimdi. Shuning uchunmi, tuproqqa ham, zaminga ham tabarruk, deb nisbat beriladi. Ammo tabarruk tuproqni toptab oʻtgan necha-necha ablah hech kimning xayoliga kelmaydi. Zamin odamzodning hamma toifasini ardoqlab, bagʻridan necha yillab joy beradi. Agar Yerda insonning hissi, tuygʻusi boʻlgandami, yelkasida shunchalar haromxoʻr borligini bilib allaqachonlar yorilib ketardi. Odamzodning baxtiga zamin insonning toifalarga ajralganini bilmaydi.

Davron shunday xayollar ogʻushida tekshirilayotgan yerlarni aylanib chiqdi. Yuqoriga koʻtarilib, changni toʻzitganicha yaqinlashayotgan mashinaga koʻzi tushdi. Mashina Davronning shunday yonida toʻxtadi. Chang toʻzoni mashinani quvib yetib, atrofini bir zumgina quyun kabi oʻrab turdi. Bu orada mashina eshigi ochilib Yigitali aka koʻrindi. U qoʻli bilan changni haydagan boʻlib Davronga yaqinlashdi.
— Sizni oʻgʻlim katta yoʻl yoqasida koʻrib qolgan ekan. Xabaringizni eshitib shu yerdadirsiz, deb kelaverdim, — dedi Yigitali aka u bilan omonlashib boʻlgach.
— Rahmat, rais buva, — deb jilmaydi Davron, — oʻzim ham hozir siz tarafga bormoqchi boʻlib turuvdim.
— Qani, boʻlmasa ketdik.

Yoʻl-yoʻlakay Davron boʻlgan gaplarni qisqa qilib aytib berdi. Yigitali aka uning soʻzlarini boʻlmay eshitdi. Faqt ba’zan «attang», «chakki boʻlibdi», deb qoʻydi. Davron sarguzashtini tugatgach, «Bir gap boʻlar kuyunavermang», dedi-yu, tayinli maslahat bermadi. Shu bois Davron oʻylab kelgan rejasini aytishga istihola qildi.

Uyga borishdan oldin kolxoz idorasiga kirib oʻtdilar. «Bir daqiqalik ish bilan» idoraga kirgan rais oqshom chogʻida qaytib chiqdi.
— Davronbek, sizga bir maslahat bor, — dedi u mashinaga oʻtirgach. Soʻng hamsuhbatidan sado chiqishini kutmay soʻzini davom ettirdi. — Agar biror ishni moʻl qoʻymagan boʻlsangiz, kolxozimizga a’zo qilib olamiz.
— Ie, — deb kuldi Davron, — kolxozda nima ish qilaman?
— Traktorchilar yetarli, suvchilikni sizga ishonmayman... Boʻzchi bilganini toʻqigani ma’qul. Siz qazishmalaringizni davom ettirasiz.

Aslida Davronning ham maqsadi shu edi. Kolxozdami yoki maktabdami ishlab, boʻsh vaqtida qazishmani yolgʻiz oʻzi boʻlsa ham davom ettirishni reja qilgandi. Biroq raisning oʻzidan bu taklif chiqishini sira kutmagan edi. Rais shunchaki mehribonlik qilyaptimi yo bu ishdan kolxozga manfaat koʻryaptimi? Har holda bir sir bor. Davron ana shu sirdan voqif boʻlish uchun oʻsmoqchilab soʻradi:
— Kolxoz shuning uchun menga haq toʻlaydimi?
— Yoʻq, buning uchun emas. Istasangiz muallimlik qiling, balki madaniyat uyimizni berarmiz. Koʻp boʻlmasa ham ikki-uch hasharchi bilan ta’minlashni boʻynimga olaman, kelishdikmi?
— Kelishmagan odam — nomard. Ammo bir narsaga tushunmayroq qoldim.
— Bir emas, koʻp narsaga tushunmaysiz. Oʻydim-chuqur qilib yuborgan yeringiz necha gektar, bilasizmi? Ishingiz qancha tez tugasa, kolxozga shuncha foyda.

  

— Agar oʻsha yerdan shahar chiqib qolsa-chi?
— Nima boʻpti?
— Uni qaytib koʻmib yubora olmaymiz-ku? Nodir tarixiy muzey ustiga tuproq tortib paxta ekishga qoʻlingiz bormas?
— Agar shahar topilsa, yana ham yaxshi. Muzey boʻlsa nur ustiga a’lo nur. Muzeyning kolxozga nafi tegmaydi, deysizmi? Naf deganda faqat pulni emas, ma’naviy boylikni ham hisobga oling-da!

Davronning koʻngliga chiroq yoqilganday boʻldi. Raisning qoʻlini mahkam qisdi.

Hovliga kirishganda Xosiyat xola oftobning kuchsiz nuriga orqa qilib oʻtirgan edi. Mehmonni koʻrgach, tizzasiga tiralganicha oʻrnidan turib soʻrashdi-da, soʻriga boshladi. Mehmon joylashib oʻtirgach, Yigitali aka «Picha oʻtira turing», deb otxona tomonga yurdi. Hadeb ochilib-yopilaverib pastki tomoni yer chizadigan boʻlib qolgan omonat eshik xunuk gʻijirladi. Ichkaridan otning pishqirishi, keyin unga urilgan shapatining, soʻng Yigitali akaning «Ha, jonivor, tek, tek», degan ovozi keldi. Xosiyat xola: «Aybga buyurmaysiz oʻgʻlim», dedi-da, tizzasini ushlagancha asta oʻrnidan turib olgach, ochiq bostirma tomonga qarab yurdi. Tandir yoniga uyib qoʻyilgan gʻoʻzapoyadan bir tutam olib qirs-qirs sindirgach oʻchoqqa tashladi. Hali eski choʻgʻlar oʻchib ulgurmagan oʻchoqda gʻoʻzapoya bir oz tutab turdi-yu, keyin alanga oldi. Otxonaning eshigi yana gʻijirladi. Ovqatning tuzini totayotgan Xosiyat xola eriga qaradi:
— Muncha hayallamasangiz, shoʻrva boʻtqaga aylanib ketdi-ku. Oʻgʻlingiz bola-chaqamni olib kelay, deb qudangiznikiga ketganicha daragi yoʻq. Ota-bolani kutib kunim oʻtaverar ekan-da, a?
— Idorada Shonazar, Mamayusuf, Abulatiflar yigʻilib oʻtirishgan ekan. Pichi hangoma qildik.
— Hangomangiz ham qursin. Uchta erkak yigʻilsa xotinlardan battar ezma boʻlib ketadi rasmi...
— Ezmalikda uloq xotinlarda ketgan. Toʻrttagina gapimiz ham ezma boʻldimi? Biz gapirsak ishdan gapiramiz. Ertaga terimni boshlamay turib paxta bayrami qilmoqchimiz.
— Endi bunaqasiga oʻtibsizlar-da, paxta bayrami terimdan soʻng boʻlardi-ku?
— Terimni yaxshi niyat bilan, yaxshi kayfiyat bilan boshlash kerak. Shunda xirmon katta boʻladi. Kolxozning beli baquvvat, terimdan keyin ham bayramga kuchi yetadi.
— Koʻngilga sigʻsa har kuni bayram qiling, menga nima?
— Ovqatdan keyin eski chopon bilan shimni olib qoʻyishni unutma.
— Nima?
— Telpakni ham.

Yigitali aka Davronning yoniga qaytdi. Xosiyat xolaning qoshiq ushlagan qoʻli muallaq turib qoldi. «Rais boʻlib ham esini yigʻishtirmabdi. Ikki yil burun-ku, oyogʻi sinib qancha azob chekdi. Oʻzigina azob cheksa mayliga-ya, meni qancha qiynadi. Bari bir adabini yemabdi. Oyogʻida hali ham ogʻriq bor-u, sezdirmaydi. Endi uloq chopmasa kimning koʻngli qolarkan? Yoshligida boshqa gap. Qamchi oʻynatib ot choptirishni oʻzim ham yaxshi koʻrardim. Dovyurakligi yoqib qolmaganda, bu uloq jinnisiga u dunyo-bu dunyo turmushga chiqmasdim. Yoʻq unga bir balo boʻlgan. Yo gap talashgan, yo kerilib qoʻygan... Raisning uloq chopishi quyushqonga sigʻadigan gapmi?..»

Xosiyat xola ovqatni suzib keldi. Yigitali aka uloq haqida boʻlak gap aytmadi. Qosh qoraygach, Xosiyat xola roʻparadagi deraza pardasini koʻtarib televizor qoʻydi. Sochini beoʻxshov turmaklagan qizni koʻrdi-yu, qargʻanib, murvatni burab, boʻlak tasvirga oldi. Bunisi ham yoqmagach, «shiq» etib oʻchirib qoʻydi.
— Ha, nimaga oʻchirding? — dedi Yigitali aka televizorning pardasini tushirayotgan xotiniga.
— Oʻla qolsin, koʻradigʻon narsa yoʻq. Gapirishgani-gapirishgan.
— Senga hadeganda oʻyinu ashula boʻlsa...
— Gap kerak boʻlsa, qoʻyib koʻravering.

Xosiyat xola shunday deb soʻriga keldi-da, omonat oʻtirdi. Koʻrinishidan choli bilan urishib onasinikiga ketadiganday edi.

«Qarigan sari fe’li nozik boʻlib ketyapti, — oʻyladi Yigitali aka. — Mehmon bor ham demaydi. Yoshligida shoʻx edi, koʻnglida kir toʻplanmasdi. Oʻzi xotin kishi qarimasin ekan. Oldinlari uloqning daragini eshitsa, narsalarni oʻzi tayyorlab qoʻyardi. Otchoparga borib tomosha qilishni qoʻymasdi. Tomosha qayda! U boshqa xotinlar oldida maqtangani borardi. Eri uloqda tengi yoʻq chavandoz boʻladi-yu, maqtanmaydimi? Oʻsha damlar oʻtib ketdi-da! Bu xotin nimaga aynib qol- di-a? Rais boʻla turib uloq chopishimdan or qilyaptimi? Buning nimasi uyat? Nima, rais odam emasmi? Hamisha chetda, oʻzini boshqalardan yuqori olib yuraverish kerakmi? Yoki men qaridimmi? Menga achinyaptimi? Yoʻgʻ-e, qarish yoshga qaraydimi, kuchgami? Ilgarilari boshqacha edi... Uning oʻtirishini qara, yulishga chogʻlangan mushukka oʻxshaydi-ya! Uloqqa chiqishimdan norozi. Ertaga uloqqa soʻnggi marta chiqaman. Buni hech kim bilmaydi. Bilmagani ham durust. Yoʻqsa, iltifot qilishi mumkin. Yoʻq. menga iltifot kerakmas. Sovrinni oʻz kuchim bilan olaman. Ha, hali uloqda mendan ustun keladigani yoʻq. Yana besh-oʻn yil ot choptirishim mumkin. Lekin izzat borida etakni yopgan ham ma’qul. Ertaga sovrinni olaman-u: «Birodarlar, endigi uloq yoshlarniki, bizga uzr», deyman. Ertaga Homidbek yonimda tursa, koʻnglimni toʻq tutardim. Yordamga muhtoj boʻlmasman-ku, har holda yonimda ot choptirsa mador boʻladi. Ammo bu bola ancha pishiq chiqdi, otasiga oʻxshamaydi. Otasi birovning haqqini yeb oʻrgangan. Faqat yulishni biladi. Bu bola boshqacha. Otchoparning oldi yigiti shu boʻladi. Sovrinni olib, hammaning oldida shu bolaga topshiraman. «Homidbek ot oʻynatsa, Yigitali uloqqa kelibdi, deyaveringlar», deyman. Mening shogirdimni hamma bilib qoʻysin.

Ie, bu bola tushmagurning uloqdan xabari bormikin? Aytishganmikin? Kelib ketay ham demaydi... Yo ertalab kelarmikin? Har holda «Menga yaqinroq boʻl» deb qoʻyishim kerak... Kampir juda shumshayib oldi-yu...»

Yigitali aka shularni xayoldan oʻtkazib kampirini gapga solmoqchi boʻldi:
— Davronbek ishlarini chala tashlab ketmoqchi ekanlar, bazoʻr olib qolyapmiz. kolxozning hisobidan boʻlsa ham ishni davom ettiring, deb iltimos qildik, — dedi u salmoqlab.
— Ajab boʻlibdi, — dedi Xosiyat xola bu gapdan quvonganday chehrasi ochilib. — Akangizning soʻzlarini yerda qoldirmay yaxshi qilibsiz. Biron yil birga yursangiz sizni ham otga mingazib uloqchilarning toʻdasiga qoʻshib qoʻyadilar.
— Boʻlmasam-chi! — dedi Yigitali aka kerilgansimon ohangda, — Endigi uloq yoshlarniki-da!
— Nechuk? — dedi Xosiyat xola piching bilan uning soʻzini boʻlib.
— E, oʻrtoq xotinxoʻja, chiqmagan jondan umid. Biz ham kuch sinashib qolaylik. Boʻlmasa, koʻrgan odam qarilikni boʻyniga olibdi, deb xayol qilishi mumkin.
— Qarang, Homidbegingizmi?

Homidbek otini koʻchada qoldirib etigining changini qoqqan boʻldi-da, ichkari kirdi. Salomlashib, soʻrining poygakroq yeridan joy oldi.
— Ertaga uloq boʻlishini eshitdingmi? — deb soʻradi Yigitali aka.
— Ha, — dedi Homidbek.

Nima uchundir suhbat qovushmadi. Bundan koʻproq Davron oʻngʻaysizlandi. Baxtiga Homidbek uzoq oʻtirmadi. Bir piyola choy ichgach, ketishga ruxsat soʻradi. Yigitali aka uni kuzatib qoʻydi. Lekin «Ertaga soʻnggi marta uloqqa chiqaman, menga yaqinroq yur, kerak boʻlsa, yordamlash», deyishga tili bormadi. Xayrlashar chogʻi faqat «Ertaroq kel», deb qoʻya qoldi.

Homidbekning gapi ham ichida ketdi. U Yigitali akanikiga temir yoʻlning naryogʻidagi fermadan kelgan edi. Uning bu fermaga serqatnovligi, keyingi oylarda yigitning oromi buzilgani Yigitali akaga ma’lum. Homidbek maslahat solganda «Oʻzingga yoqsa boʻldi-da», degan.

Qiz-ku Homidbekka yoqadi-ya, lekin Homidbek qizga yoqmasa-chi? Unda nima boʻladi? Homidbek koʻproq shundan xavfda edi. Mana bugun ham shartta-shartta gaplashgani bordi. Lekin har galgiday gapirolmadi. Yonida jimgina yuraverdi. Oxiri:
— Ertaga kunduzi boʻshmisiz? — deb soʻradi.
— Nimaydi? — dedi qiz unga savol nazari bilan boqib.
— Uloqqa kelasizmi, demoqchi edim.
— Kelsam kelaveraman. Siz ham chopasizmi?
— Ha.
— Hech yutganmisiz?
— ...Yoʻq.

Qiz kuldi. Homidbek oʻngʻaysizlandi...
— Eski paytlar boʻlganda uylanolmay oʻtib ketarkansiz.

Homidbek «nimaga?» demoqchi boʻldi-yu, oʻzini tutdi. Qizning gapidan achchiqlandi. Ammo qiz buni sezmay gapini davom qildi:
— Rais buva xotinlarini uloqda yutgan ekanlar, shu rostmi?
— Bilmadim.
— Xosiyat xola oʻsha paytda juda chiroyli boʻlgan ekanlar. Hadeb sovchilar bosavergach, «Kim uloqda zoʻr kelsa, oʻshanga chiqaman», deptilar. Yigitali aka yutib chiqibdilar. Qiziq, ertakka oʻxshaydi, a?
— Odamlar toʻqigan gap bu.
— Bari bir Xosiyat xola toʻgʻri ish qilgan ekanlar. Yigitali aka rais boʻlmay turib ham u kishini hamma hurmat qilardi.
— Ertaga rais buva ham tushadilar.
— Rostdanmi? Unday boʻlsa boraman.

Homidbek har gal qiz bilan xayrlashganda yuragida bir choʻgʻ qolganday boʻlardi. Bu gal choʻgʻ oʻrnini sovuq bir narsa egalladi. Qizning bu gaplari uning izzat-nafsiga tegib oʻch olishga — oʻzini koʻrsatishga undadi. U faqat uloqdagina oʻzini koʻrsatishi mumkin edi. «Ertaga qanday boʻlmasin uloqni yutishim kerak. Keyin oʻzi yalinib keladi. Xosiyat xolaning yoshligini nimaga esladi? Yo menga shartini shama qildimi? Qizlar ayyor boʻladi. Lekin bari bir men oʻzimni koʻrsatib qoʻyaman. Yigitali akaga aytaman. «Menga yaqinroq boʻling, yordam bering, albatta yutishim kerak», deyman. Ustam-ku, yordam beradi...»

Homidbek raisning uyiga kirib mehmon borligini koʻrgach, bu gaplarni aytolmasligini sezdi. Xayrlashuv chogʻida raisning «Ertaroq kel», deganiga «Xoʻp, uyingizga kirib oʻtaman», deb otga mindi-da, yoʻrttirib ketdi.

Chavandozlar temir yoʻlga taqalgan katta maydonga toʻplandilar. Ularning aksari toʻpga yaqinlashgan Yigitali aka bilan quyuq soʻrashdi. Toʻdada «Rais buva ham tusharmishmi?» degan shivir-shivir boshlandi.

Solimchi ichiga tuz toʻldirilgan echki tulupini oʻrtaga tashladi. Maydonni chavandozlarning qiyqirigʻi bosdi. Uloq yerdan uzildi. Bir necha uloqchi toʻpdan ajralib otni surdi. Shundagina Yigitali aka otiga qarsillatib bir-ikki qamchi bosdi. Ot dupurlari orasida uning «Ol, ha, ol!» degan qichqirigʻi eshitildi. Uloqni taqimiga bosgan otliqqa yaqinlashganda qamchinni ogʻziga olib engashdi. Tizginni bir qoʻli bilan ushlab, bir qoʻlini uloq sari choʻzdi. Bu orada otliqlar koʻndalang boʻlib ularning oldini toʻsdi. Orqadagi dupurlar ham yaqinlashdi. Vaqt boy berilishi mumkinligini sezgan Yigitali aka tizginni qoʻyib yuborib, ikkala qoʻli bilan uloqqa yopishdi-da, siltab tortdi. Ololmadi. Yana tortdi. Shu paytda kimdir uning otini qamchiladi. Ot oʻzini yonga oldi. Rais uloqni qoʻyib yubormay yana siltadi. Otliqlar qiyqirishib ularni oʻray boshladilar. Yigitali aka bu gal juda keskin siltab uloqni tortib oldi-da, otni niqtadi. Ot tezlashdi. Rais uloqni taqimiga bosib, qoʻliga qamchi oldi. «Ol, ha, ol» deb qichqirdi. U qamchi bilan goh otning u sagʻrisiga, goh bu sagʻrisiga qarsillatib urar, bu bilan u yaqinlashmoqchi boʻlgan chavandozlarni oʻzidan bezitib turardi. Shunda ham bir-ikki dovyuraklar uloqqa chang solishdi...

Yoʻlning yarmi oʻtilganda toʻdada faqat oʻttiz chogʻli chavandoz qoldi. Koʻpchilik ularning yoʻlini toʻsish maqsadida toʻxtab, oʻzlariga qulay joylarni tanlab turdilar. Rais otga qamchi urayotgan paytlarida yon-atrofiga qarab, nimagadir Homidbekni koʻrmadi. «Yoʻl poylayapti, shekilli», deb achchiqlanib qoʻydi. U yoshligidan yoʻl poylovchilarni yoqtirmaydi. «Halol uloqchi pakkadan marragacha kurashishi kerak. Tayyorini tortib olish nomardning ishi» deb Homidbekka necha aytgan edi.

Chavandozlar marraga yaqinlashganlarida toʻda yana quyuqlashdi. «Iyuv, iyuv!», «Ol!», «Bos!» degan qichqiriqlar, otlarning pishqirishlari kuchaydi. Ayniqsa marra atrofida oyoq qoʻygani joy topilmadi. Chavandozlar toʻdasi koʻlanka singari chayqalar, otlar ogʻzidan oppoq koʻpik sochar, qamchilar sharaqlar, qiyqiriq bir zum tinmasdi.

Raisning yoʻli butkul toʻsilgan, ot faqat burnini kerib pishqirar, sakrashga chogʻlanardi. Bir necha qoʻl baravariga uloqqa yopishar, lekin Yigitali aka taqimini boʻshatmasdi. Uloqning bir qoʻl, bir oyogʻi allaqachon yulib olingan, ushlab tortish anchayin qiyinlashgan edi. Rais bu ahvolda oʻtib boʻlmasligini bilib otni qaytardi. Toʻda soya singari unga ergashib ancha siyraklashdi. Yigitali aka toʻdadan ajralib otni temir yoʻl tomonga burdi. Keyin yana orqaga qaytdi. Uni yana oʻrab ola boshladilar. Marraga yaqinlashganda kimdir yana uning otini qamchiladi. Yuziga koʻzi aralash bir narsa «shilt» urilib, u jon achchigʻida ingradi. Birdan boʻshashib, oyogʻidan kuch ketdi. Kimdir bir siltab uloqni tortib oldi. Shundan keyingina rais uloqni taqimiga bosib ot qamchilayotgan Homidbekni koʻrdi. «Yaxshi, endi undan oʻzim olaman», deb ot surmoqchi boʻldi. Ammo uni yaqinlashtirmadilar. Marraga juda oz masofa qolgan, u shoshilar, lekin harakati foydasiz edi. Chavandozlar bir qiyqirishdi-yu, jim qolishdi. Uloq solimchining oyogʻi ostiga tashlangan edi. Rais gʻolibning kimligini dastlab bilmadi. Otliqlar asta tarqalishdi. Solimchi Homidbekka toʻn kiygazayotganda rais gʻalati boʻlib ketdi. Otni burib yengil qamchi urdi. Oyogʻining zirqirab ogʻrishiga, qamchin zahridan yuzining lovillashiga ham e’tibor bermay otni oʻz holiga qoʻydi. Qaerlarda yurganini, nimalarni oʻylaganini oʻzi ham tuzuk-quruq bilmadi. Bir payt qarasa, ot boʻynini xam qilgancha hovlisiga kirib boryapti.

Eshik oldida Xosiyat xola. Qoʻlida tugun.
— U nima? — dedi Yigitali aka otdan tushmay.
— Homidbegingiz tashlab ketdi, mukofotingiz emish.

Rais engashib tugunni xotinining qoʻlidan oldi-da, otni orqaga burdi. Xosiyat xola «Yana hayallamang», deganicha qoldi.

Rais Homidbekning eshigiga kelib ham otdan tushmadi. Qamchining dastasi bilan eshikni taqillatdi. Yigitning otasi chiqib odaticha tilla tishlarini koʻrsatib kuldi-da, yoqimsiz bir mulozamat bilan ichkariga taklif qildi. Rais qulluq qilib tugunni uzatdi.
— Nima bu?
— Oʻgʻlingizning mukofoti. Uloqda yutdi.
— Oʻzi qani?
— Kelib qolar. Buni dadamga berib qoʻying, dedi.
— Obbo azamat-e, yutibdi-da, a? Sizning sabogʻingizni olgan-da. Shu bola ancha pishiq chiqdi, a? Nima deysiz?

Rais bosh irgʻab tasdiq ishorasini qildi-da, tizginni tortdi. Uyga qaytsa Xosiyat xola Davron bilan ostonada turgan ekan. Holsiz bir ahvolda otdan tushib jilovni xotiniga tutqazdi.
— Ketib qolganingizni sezmabman, — dedi Davron aybona ohangda. — Sayilga qaytarsiz, devdim.
— Ha... bir oz horibman shekilli. Qarilik-da. Tuzuk oʻtdimi ishqilib?
— Ha, dehqonlarning boshi osmonda. Faqat koʻrinmay qolganingizga ajablanishdi. Soʻraganlarga partkom: «Toblari qochibdi», dedi.
— Toʻgʻri aytibdi.

Yigitali akaning suhbatga ra’yi yoʻq edi. Avval partkom, keyin yana bir-ikki yoʻqlovchi kelib ketdi. Raisning ruhiyati, darhaqiqat, bemornikiday edi. Shuning uchun ular uzoq ushlanishmadi. Davron ham uni koʻp gapga tutmadi. Yotar mahallalari Yigitali akaning koʻzi ichkarida sandiq ochayotgan xotiniga tushdi.
— Solmay tur. Hosil bayramida asqotadi. Endigisi — soʻnggisi. Aytganingday, qaribman...

Xotin eriga achinish bilan qarab qoldi. Davron «Yutolmaganlari uchun kayfiyatlari yoʻq ekan-da» degan qarorga keldi. Ammo voqeaning mohiyatiga tushunib yetmadi. Tushuna olmasdi ham. Uloqni chetdan kuzatgan odam shu dovyuraklar bellashuvida ham nohaqlik, nayrang boʻlishini sira oʻylamaydi.

Saharda Davron Yigitali akaning yoʻtalidan uygʻonib ketdi.
— Ie, uyquning zavoli boʻldim-ku, — dedi u xijolat tortib. — Hushingiz kelsa, men bilan yuring. Dala aylanamiz. Yoʻl-yoʻlakay sizbop ish ham topilib qolar.

Peshindan soʻng Davron barcha qatori terimga safarbar etildi. Rais «Plan toʻlgan kuniyoq beshta hasharchi bilan ish boshlaysiz», deb uning koʻnglini toʻq qildi. Ish uzoq kuttirmadi. Havo yaxshi kelib majburiyat tez kunda bajarildi. Davronning taklifi bilan kattalar emas, maktabning yuqori sinf oʻquvchilari hasharga navbatma-navbat boradigan boʻlishdi.

Aksiga olib bu yilgi bahor sogʻintirib keldi. Hamal yarimlab qolsa hamki, havoning avzoyi ochilmadi. Kuzakdagi ishlar esa koʻngildagiday boʻlmadi. Davronning yordamchilari — yuqori sinf oʻquvchilari ishlash oʻrniga uni tinimsiz soʻroqqa tutishardi. Ularni har bir narsa — shu yerdan topilgan sopol parchasidan tortib, Afrikadagi ekspeditsiyalarning taqdirigacha qiziqtirardi. Tashqaridan qaragan kishi bu oʻquvchilarning barchasi arxeologiyaga qattiq mehr bogʻlagan, maktabni tugatgach albatta shu sohaga bogʻlanadilar, deyishi mumkin edi. Davron ularga javob qaytarishdan erinmasdi, ishning moʻljaldagiday boʻlmayotganidan ham kuyunmasdi. U bolalar bilan bajonidil suhbat qurar, ularda «arxeologiyaga nisbatan mehr uygʻotyapman», deb oʻylar edi.

Davron qish boʻyi maktabda muallimlik qildi. Tarix oʻrniga ba’zan arxeologiyadan saboq berib, programmadan chetga chiqqani uchun ma’muriyat tanbehini ham eshitdi. Oʻquvchilarini safarbar etib, maktabda moʻ’jazgina tarix-arxeologiya muzeyi tashkil etgach, bu tanbehlar yuvilib ketdi.

Oʻzi istamagan koʻngilsiz safarda yurgan kishi kun oʻtishini sabrsizlik bilan kutgani kabi Davron bahorni benihoya qoʻmsardi. Havoning yurishib ketishidan, dalani bosib yotgan tizza boʻyi qorning erishidan esa darak yoʻq. Avvallari bunday kezlarda u shaharda boʻlardi. Yoz boʻyi qilingan ishlarning yakuni fandagi yangiliklar bilan tanishish, turli majlislar, doʻstlar davrasi va shu kabilar bilan ovora boʻlib qishning oʻtganini sezmas edi. Bu yerda esa... Kunning birinchi yarmi maktabda oʻtadi. Keyin ba’zida idoraga kiradi. Yigitali akani uchratsa, bir oz gurunglashadi. Yoʻqsa choyxonaga kiradi. Har kuni bir xil maromdagi gaplar. Tabiatning mudroq uyqusi odamlar ruhiyatiga ham ta’sir qilgandek. Barcha zerikishdan gap ochadi. Televizorga mixlanib oʻtirish hammaga ham yoqavermaydi.

Mahbubani koʻp oʻyladi. Shunday kezlarda shaharga ketgisi, erkaktabiat bu ayolni koʻrgisi kelardi. Mahbuba uning taklifini ochiq boʻlmasa-da, rad etdi. Shunday ekan, yana uning ortidan soya kabi sudralib yurishga uning hamiyati yoʻl qoʻymaydi. Oʻzi shilqimlikdan yiroq boʻlgani uchun, ayollarning etagiga yopishib oluvchi erkaklarni jinidan ortiq yomon koʻradi.

Davron darsini tugatgach, idoraga kiraymi kirmaymi deb oyogʻi tortmay keldi. Hovlida raisning mashinasini koʻrib «Xayriyat», deb qoʻydi.

Yigitali aka divanga yastanganicha gazeta oʻqirdi. Davronni koʻrib gazetani yigʻishtirdi-da, yonidan joy koʻrsatdi. Suhbatlari odatdagidek ob-havodan boshlanib, keyin «har sohadan bir shingil»ga aylandi.

Suhbat endi bir maromga toʻgʻri boʻlay deganda kotiba kirib Yigitali akaning gapi ogʻzida qoldi.
— Mehmonni bir kishi soʻrayaptilar, — dedi aybdor ohangda.
— Kiravermaydilarmi? — dedi Yigitali aka. Keyin hayron boʻlgan Davronga qaradi. — Xijolat chekmang, qiladigan ishim ham yoʻq edi.

Ostonada Mahbuba koʻringach, Davron nima uchundir Yigitali akadan uyaldi. Yigitali aka Mahbubani tanimas edi. U haqda eshitgan ham emasdi. Shuning uchun avvaliga nima qilishni bilmay qoldi. Yaxshi hamki Mahbuba iymanib oʻtirmay ichkari kirib salom berdi. Yoʻqsa ikki erkak ham talmovsirab turaverardi.
— Darvoqe, partkom meni kutib qolgandir, — Yigitali aka Mahbuba bilan soʻrashgach shunday deb chiqib ketdi.
— Oʻtirsam maylimi? — dedi Mahbuba gapga qovushmay turgan Davronga kulib qarab. Soʻng manziratni kutmay oʻtirib sumkasini yoniga qoʻydi-da, paltosining tugmasini yechdi.
— Mendan xafa boʻlmang, kutilmaganda oyoq ostidan chiqib qolaman.
— Unday demang. Toʻgʻrisini aytsam... kutayotgan edim.
— Tushungizga kirdimmi?
— Yoʻq... Nima uchundir koʻrgim kelayotgandi.
— Nima uchundir?
— Ha... Ba’zan shunday boʻladi.
— Shu yerda oʻtiraveramizmi?
— Istasangiz... Yoʻq... Lutfingizni darigʻ tutmay biz gʻaribning kulbasini poyi qadamingiz bilan yorugʻ etsangiz boshimiz osmonga yetardi...
— Durust. Bu yerlarda bekor yurmay, chiroyli soʻzlashni oʻrganibsiz. Bunday chuchmal taklif yoqmasa ham «lutfimni darigʻ tutmayman».
— Sizga tushunish qiyin. Oʻzi sizga nima yoqadi-a?
— Koʻp narsa emas. Ketdikmi? Raisni ishdan qoʻymaylik.

Davron raisni qoʻshni xonadan topib, ketishayotganini, Mahbubaning kim ekanini qisqa qilib aytdi-da, tashqariga chiqdi. Ikkovlari qorli soʻqmoqdan yurib ketdilar. Davron yolgʻiz oʻgʻli shaharga koʻchib ketgan bir kampirnikida yashayotgan edi. Kampir uyida kamdan-kam boʻlar, koʻp vaqti shaharda, oʻgʻlinikida oʻtardi. Qish chillasi boshlangandan beri qishloqqa qadam qoʻygani yoʻq. Mahbuba bundan, albatta bexabar edi. Koʻcha eshigining qulflogʻlik ekanidan ajablandi. Ammo buni Davronga sezdirmadi.

Uy ichi issiq, saranjom-sarishta edi. Davron yoshligidan koʻp ishni oʻzi bajarishga koʻnikkan edi. Onasi daladan horib qaytgan kezlari uy yumushlarini oʻzi qilardi.

Davron kira solib oshga unnadi. Mahbuba yengini shimarib unga koʻmaklashdi.
— D’Artanyan qalay, yaxshi yuribdimi? — deb soʻradi Davron piyoz toʻgʻray turib.
— Ha, ancha esi kirib qoldi. D’Artanyanni unutib ham qoʻydi.
— Unutgani yomonmi?
— Mahbuba yelka qisib bir oz jim qoldi.
— Kim biladi, balki yaxshidir. Haqiqiy hayot bilan orzuning mutanosib emasligini vaqtida anglagani durust. Boʻlmasa umrining oxirigacha adashib yuradi.
— Unda nimaga achinyapsiz? Oʻzingiz shunday boʻlishini istardingiz-ku?
— Ha... lekin... bolaning surur bilan erta xayrlashishi ham toʻgʻri emas, shekilli.
— Endi «d’Artanyan kelmaydi» deganingizga afsuslanyapsizmi?

Mahbuba Davronga yalt etib qaradi. U kosa tagida nim kosa borligini fahmladi. Shuning uchun oʻzini eshitmaganga soldi. Davron savolni boshqa qaytarmadi. Shundan soʻng osh pishib, yeb boʻlgunlaricha ham gaplari uncha qovushmadi. Biriga birining soʻzi ilmoqliday boʻlib tuyulaverdi.
— Shaharga qachon qaytasiz? — deb soʻradi Mahbuba choy ichib oʻtirishgan paytda.
— Qaytib nima qilaman? — dedi Davron piyolani qoʻyib. U shunday savolni oldindan kutgan, tayin javob ham tayyorlab qoʻygan edi.
— Har holda... egilgan boshni qilich kesmaydi.
— «Agar bosh haqiqat oldida egilsa», desangiz toʻgʻriroq boʻlardi.
— Balki siz uni toʻgʻri tushunmagandirsiz?
— Nima, men yosh bolamanmi?
— Uning asl maqsadi oʻzingizga ham qorongʻi-ku?
— Toʻgʻri, qorongʻi. Ammo eng muhim bir narsani aniq bilaman.
— Nimani?
— Uning ablah ekanini.
— Isbot?
— Mening bu yerda yurganim kammi?
— Albatta.
— Sizga tushuna olmayapman. Siz oʻsha ablahning advokati emasmisiz?
— Biz doʻstona suhbatlashyapmiz, shekilli? Nimaga asabiylashyapsiz?
— Kechiring, Mahbubaxon, oʻsha esimga tushsa oʻzimni tuta olmay qolyapman.
— Boʻlmasa bu haqda gaplashmaymiz.

Suhbat boshqa mavzuga koʻchgani bilan gap aylanib Davronning ishga qaytishi masalasiga taqalaverdi. Rais oqshomda kirib oʻtaman, degan edi. Aksiga olib daragi yoʻq. Tezroq kelsa, Davron oʻziga xos bu «sud jarayonidan» qutular edi. Yigitali aka qorongʻi tushganda ham kelmadi. Mahbuba ogʻzini toʻsib, esnogʻini bir-ikki qaytardi.
— Charchabsiz, dam oling, — dedi Davron oʻrnidan qoʻzgʻalib.
— Siz-chi?
— Men... qishloqqa musofir boʻlsam ham yaqinlarim koʻp.
— Shu yer-chi? Uylari koʻp ekan-ku? Yana xohishingiz...
— Qishloqda gap-soʻz boʻlarmikin...

Mahbuba indamadi. Davron bir oz oʻylanib turgach, «Yaxshi yotib turing», deb chiqib ketdi.

Birinchi soatda darsi bor edi. Shuning uchun ertalab barvaqt keldi. Mahbuba yoʻlga otlanib turgan edi. Choy ichishga ham unamay yoʻlga chiqdi.
— Shaharga qaytmasligingiz aniqmi? — dedi u xayrlashayotib.
— Ha.
— Agar qishloqqa kelsam, menbop ish topilarmikin?

Davron garangsib qoldi.
— Chindanmi?
— Xat-pat yozib yuborarsiz, xayr.

Davron shundagina Mahbubaning hazillashmayotganini fahmladi. Fahmladi-yu, birovnikiga borib yotganidan afsuslandi.

Kunlar isib, yerning nami bir qadar tortilib chigit ekishga taxt etilgach, kolxozda toʻy boshlandi. Yigitali aka endi toʻyni ochaman, deb turganida kotiba qiz telefon qilib raykomga tezda yetib borishi zarurligini aytdi. Rais asabiy bir holda joʻnab ketib, peshinda qaytdi. Bir-ikki kishi «tinchlikmi?» deb soʻraganda rais qoʻl siltab qoʻya qoldi. Shundan soʻng unga hech kim gap qotmadi. Davron ham raisga qarab-qarab qoʻydi-yu, biron nima deyishga botinmadi. Toʻy tarqagach, rais Davronni yoniga chaqirdi.
— Eshikka yuring, gap bor, — deb uyga boshladi.

Rais loʻlabolishga suyanib gapni nimadan boshlashni bilmay turganda, Davronning oʻzi joniga ora kirdi.
— Tinchlikmi, Yigitali aka?
— Tinchlik emas-da... Rahbaringiz raykomga xat yuboribdi.
— Meni bulgʻab yozishibdimi?
— Yoʻq... Sal boʻlmasa meni jinoyatchiga chiqarib qoʻyishibdi. Bu gap kuzakda boshlangan edi. Militsiyaga chaqirib ogohlantirishgan edi. Men kayfiyatingizni buzmay deb, indamasdan qoʻya qolgandim. Endi ish jiddiylashibdi. Nima qilishga hayronman. Ikki oʻt orasida ilojsizman. Sizga qanchalik qayishishimni bilasiz.

Davron piyolaning chetidagi zar hoshiyaga tikilganicha boshini xam qilib indamay oʻtiraverdi.
— Nimaga jimib qoldingiz, biron nima desangiz-chi?
— Masala hal etilibdi, Yigitali aka. Men ishning shunga borib taqalashini bilar edim. Ammo bunchalik tez boʻlar, deb oʻylamovdim... Otamdan koʻrmagan yaxshilikni sizdan koʻrdim.
— Be, bu gaplarni qoʻying.
— Yurakda borini aytyapman. Yaxshilik qilib daryoga sol, degan ekanlar. Agar yaxshiligingizni qaytarsam...
— Menga qarang, shu topda xayrlashmoqchimisiz? Keling, boshqa narsalar haqida gaplashaylik.

Har ikki suhbatdoshning dili xufton boʻlib turganda gapiga gap qovushar ekanmi? Bunday paytda vaqt sekin oʻtayotganday, qorongʻilik chor-atrofni tongga qadar emas, abadiy qamrab olganday tuyuladi. Ularda charchaganlikni bahona qilib yotishdan boʻlak chora qolmadi.

Davronning ketishiga yoʻl qoʻyishmadi. Oʻquv yili tugaguncha qolishga majbur boʻldi. Davron bu zaylda ishni davom ettira olmasligini anglagach, institutga qaytishga, kerak boʻlsa akademiya rahbarlariga uchrashishga, kurashdan boʻyin tovlamay, fikrini, farazlarining toʻgʻriligini isbotlashga ahd qildi. Mahbuba ketar mahali qishloqqa kelish istagini ma’lum qilgan edi. Yana qarori qat’iylashmasin, deb «shaharga qaytmoqchiman», degan mazmunda xat yubordi. Oradan toʻrt kun oʻtmay «Xayriyat d’Artanyan bor ekan», degan telegramma oldi. Mahbuba bu telegrammasi bilan unga qoʻsh qanot baxsh etdi. U endi kunlarning tezroq oʻtishiga orzumand edi. Kunlar esa aksiga olganday imillab oʻtardi. Imtihonlarga tayyorgarlik qizigan chogʻda Niyoz boshchiligidagi ekspeditsiyaning ish boshlaganini eshitib hayratdan dong qotdi. «Niyoz boshchiligida! Ekspeditsiya kelishiga amin edim, ammo bu oliftaning rahbar boʻlishi tushimga ham kirmabdi, — deb oʻyladi u. — Niyoz nima uchun bu ishga qoʻl urdi? Toʻgʻrirogʻi, nima uchun togʻa jiyanini bu ishga jalb etdi? Kechagina umidsiz, kelajaksiz ish, deb ikki oyoqni bir etikka tiqayotgan edi-ku? Demak, dotsent Bekmirzaevning taxminlariga oʻzi ham ishonar ekan-da?!»

Davron kalavaning uchini topganday boʻlib benihoya boʻgʻildi. Shu zahoti borib Niyozning yoqasidan olmoqchi, institutga xat ham yozib yubormoqchi boʻldi. Keyin har bir harakatining shuhratparastlikka yoʻyilajagini anglab, «Shularning oldida past kelamanmi», deb oʻzini bosdi. Qazilayotgan yerlarga yaqin bormaslikka ahd qildi. Ammo qarorida tura olmadi. Hafta oʻtmay, beixtiyor «Niyoz rahbarligida» ishlayotgan arxeologlar tomonga qarab ketdi.

Pastda ivirsib yurgan besh-olti odam orasida Niyoz koʻrinmadi. Yarim yalangʻoch boʻlib olgan yigitlarning ikkitasi sigaret tutatib gurung qilar, qolganlari hafsalasizlik bilan yer qirtishlardi. Davron ularning harakatini koʻrib gʻijindi. Chodir tomonga yoʻnaldi. Niyoz chodirning soya tomonidagi yigʻma karavotda uxlab yotgan edi. Davron unga bir oz qarab turdi-da, orqasiga qaytmoqchi boʻldi. Shu topda Niyoz koʻzini ochdi. Avval hayron boʻlganday koʻzlarini pirpiratdi. Keyin irgʻib oʻrnidan turdi-da, quchoq ochib borib Davron bilan koʻrishdi.
— Qaysi shamol uchirdi? Dom-daraksiz ketding-ku? Shunaqa ham boʻladimi? Uyingga uch-toʻrt bordim. Eshiging taqa-taq berk.
— Buni qara-ya, ancha urinibsan-da, a?
— Xafa boʻlishingni bilardim. Lekin menda ayb yoʻq. Rostdan ham seni ishga chaqirib bu yerga yuborishmoqchi edi. Lekin noilojlikdan... Bunaqa ishlarga toqatim yoʻqligini bilasan-ku...
— Meni chindan qidirdilaringmi?
— Ie, seni aldagan yerim bormidi?
— Mana, men topildim.
— Ayni muddao!
— Endi nima qilamiz?
— Tushunmadim?
— Joyingni boʻshatib ber.
— Hazillashyapsanmi?
— Yoʻq.
— Marhamat... Men jon-jon deyman... Lekin...
— Unda ekspeditsiyangga oddiy ishchi qilib ola qol.
— Qoʻysang-chi, seni jizzaki deb yursam, hazilni ham bilar ekansan-a?
— Hazillashayotganim yoʻq.
— Chindanmi... Bari bir ilojim yoʻq. Ekspeditsiya asosan amaliyotchi talabalardan tashkil topgan. Yollanma ishchilar uchun mablagʻ ajratilmagan.
— Mana bu oʻgʻilbola gap boʻldi! Yoʻq gaplarni yamab-chatib chaynalmay, toʻgʻrilikcha salom-alik qilavermaysanmi? Ha... ish soʻrab keldi, deb oʻyladingmi? Yoʻq, men tiz choʻkadigan toifadan emasman. Goʻl ham emasman. Nayrang nima, samimiyat nimaligini ajrata olaman, shuni unutma.
— Biz sira doʻstlasha olmas ekanmiz.
— Doʻstlashish uchun pokiza niyat kerak. Senda niyat tugul, pokiza biron narsa ham yoʻq.
— Haddingdan oshma, indamas ekan, deb... Tilingni qisqa qilib qoʻyishim mumkin.
— Shundan boshqa narsa qoʻlingdan kelmaydi.
— Qani, kelgan joyingga qarab tuyogʻingni shiqillatib qol-chi.

Davron Niyozning lablarida titroq paydo boʻlganini koʻrib kuldi-da, orqasiga burilib keta boshladi.
— Toʻxta, — dedi Niyoz unga yetib olib. — Nimaga kulyapsan?
— Oʻzim, kulgim keldi.
— Agar xafa boʻlishni istamasang, ikkinchi bu yerga qadam bosma.
— Men bu yerlarda sayr qilishga odatlanganman. Tarki odat amri mahol, deydigan gaplar bor.

Niyoz tishlarini bir gʻijirlatdi-yu, orqasiga qaytdi. Uning gʻazablanishi Davronga xush yoqdi. Chunki bu odam uncha-buncha narsaga asabiylashmaydi. Davronni oʻziga gʻanim deb biladi. Chunki uning butun umidi, kelajagi shu qazilmada. Niyoz mana shu ish bilan sharaf tojini kiymoqchi. Davron esa (Niyozning nazarida) sherikchilikka da’vo qilyapti. Ular begunohlik niqobini tanlaganlar, hatto ekspeditsiyaga yollanma ishchilar uchun mablagʻ ajratilmabdi. Lekin odam hamisha niqobda yura olmaydi-ku! Qachondir uning asl basharasi koʻrinadi-ku!

Davron bu yerga har kuni keladigan boʻldi. Talabalar dotsent Bekmirzaevning ham, uning nomini ham eshitishgan edi. Shuning uchun tezda til topishishdi. Niyoz Davronni koʻrsa teskari qarab oʻzini koʻrmaganga olardi. Davron ham unga e’tibor bermay talabalar bilan ishlayverdi.

Kunlar shu zaylda oʻtaverdi. Niyozning yuragi siqilib har xil bahonalar bilan shaharga tez-tez tusha boshladi. Maktabdagi soʻnggi imtihon tugagan kuni ham u shaharda edi. Talabalar Niyoz yoʻq paytda Davron bilan yayrab ishlashardi. Davron «rahbar»ning yoʻqligini ularning xushchaqchaqligidan sezdi. Ular bir oz gurunglashib turdilar-da, ishga tutindilar.

Quyosh mashriq belidan oshib oʻtib, odam lohas boʻla boshladi. Davronning ham qoʻli ishga bormay yotgisi keldi. Lekin shu payt qulogʻi shangʻillab, hushtak ovozi eshitildi-yu, sergak tortdi. Koʻpdan beri sharpa uni bezovta qilmay qoʻygandi. Avvallari faqat tunda koʻzga koʻringan edi. Endi kunduzi ham roʻpara boʻlmoqchi. Hushtak ovozi shundan dalolat. Hushtakdan soʻng eshikning gʻijirlashiga oʻxshagan ovoz eshitilardi. Yoʻq, bu safar hushtak tindi-yu, atrof jimib qoldi. Yassibosh odam ham koʻrinmadi. Davron hayron qolib bu sirli ovozlarning takrorlanishini kutdi. Ovozlar qaytarilmadi. Shundan soʻng u kichkina kurakchani qoʻlga olib ishni davom ettirdi. Kavlagan tuprogʻi bir zambil boʻlganda qulogʻi yana shangʻilladi. Hushtak chalindi. Keyin eshikning gʻijirlashiga oʻxshagan ovoz... Davron yon-atrofiga alangladi, jimjitlik. Quyosh charaqlab turibdi. Sharpa yoʻq. Sirli ovozlar ham tingan. U yana ishga tutindi. Kurakchani uchinchi karra yerga botirganda qattiq narsaga tegdi. Davron tuproqni ehtiyotlik bilan torta boshladi. Qattiq narsani avvaliga tosh deb oʻyladi. Uning sirtini tozalagach, tillarang temirni koʻrib lol qoldi. Doʻnglik ortida ishlayotgan yigitlarni chaqirish xayoliga kelmay atrofini tuproqdan tozalay boshladi. Temir ancha katta edi. Uni batamom ochguncha Davron terga pishdi. U dunyodagi barcha narsani unutib ishlardi. Oddiy temir emas, balki tillarang odam haykali ochilgani sayin Davron tobora shoshilardi. U qulogʻi shangʻillaganiga, hushtak chalinganiga ham, tushlik ovqatga taklif qilgani kelib hayrat bilan tikilib turgan yigitlarga ham e’tibor bermadi. Haykal sirti tuproqdan holi boʻlgach, u bir necha daqiqa harakatsiz qoldi. Hushtak ovozi eshitilishi bilan quloqlarini qoʻllari bilan mahkam berkitdi. «Demak, bejiz emas ekan, sharpa meni bekorga ta’qib etmabdi!» U haykalga tikilganicha toʻxtovsiz shunday deb pichirlar, yigitlar esa nima qilishini bilmay qarab turardilar. Davron shu ahvolda uzoq oʻtirdi. Koʻz oldiga uch barmoqli yassibosh odamlar keldi. Vujudi titradi.

Yigitlarning biri Davronning qaltiray boshlaganini sezib unga yaqinlashdi-da, yelkasidan asta ushladi. Davron choʻchib orqasiga qaradi. Xuddi tanimayotganday, endi koʻrib turganday tikildi.
— Topildi.. — dedi pichirlab. Soʻng asta oʻrnidan turdi.
— Topildi!

U shunday deb yigitni mahkam quchoqladi. Kipriklarida qalqigan yoshni tutib turolmadi...

Tushlik qilish xayollaridan koʻtarildi. Quyoshning oʻtli nafasini ham, tashnalikni ham unutib ishladilar. Kechagacha tilla rangli haykallarning oltitasini kavlab oldilar. Haykallarning hammasi bir yerda — ikkitasi tik, qolgan toʻrttasi yotiq holda edi.

Qorongʻi tushgach, ishni toʻxtatishga majbur boʻldilar. Davron Niyozning qaytishini kutdi. Undan darak boʻlavermagach, institutga xabar yuborish uchun kolxoz markaziga yoʻl oldi.

Xotima

Yozyovondan topilgan tilla haykallar siri oʻrganilguncha yillar oʻtdi. Bu orada Yerdagi sezgir asboblar noma’lum sayyoradan uzatilayotgan toʻlqinlarni qabul qildi. Yerdan turib olib borilgan spektral tahlil Somon yoʻlidagi kichik bir sayyora atmosferasida suv bugʻi borligini aniqladi. Oradan yana yillar oʻtgach, yerliklar oʻz vakillarini Somon yoʻli sari uzatdilar...

1978