OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Tohir Malik. Devona (I- qism)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiDevona (I- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm289KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/12/14
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Devona (I- qism)
Tohir Malik

«
— Buvajon, mushuk nimadan tarqalgan?
— Mushukmi? Mushuk — arslondan, bolam.
— It-chi?
— It — boʻridan.
— Odam-chi?
— ...
»

Muqaddima Oʻrnida

... U xurjunini yelkasiga olib, uzoq yurdi. Koʻchki bosgan yerga yetib kelgunicha oyoqlari qaqshab ketdi. U hali koʻchki nima ekanini bilmasdi. Belga qadar qorga botgan kezlari iziga qaytganidan pushaymon boʻlar, chiqib olganda esa: «Ota yurtdan uzilgandan koʻra muzlab oʻlganim afzal», deb qoʻyardi.

Oqshomga borib uning sillasi quridi, ochiqdi. Shunda ham toʻxtamadi. Faqat shom qorongʻusidagina tamaddi qilib olish maqsadida xurjunini yerga qoʻydi. Oʻtirib, nafasini rostladi. Keyin qoʻlini xurjunga tiqdi. Silliq, sovuq, yumaloq bir narsaga qoʻli tegdi. Seskandi. Xurjunning ogʻzini ochib, ikki qoʻllab uni chiqardi. Chiqardi-yu, serrayib qotib qoldi. Nafasi ham, yurak urishi ham toʻxtadi. U xurjundan... akasining kallasini olgan edi!..

Togʻlar ham qotib qoldi. Osmon ham. Dunyoning hayot tomirlaridan jon chiqib ketdi. Bir zum, faqat bir zum shunday boʻldi. U qoʻlidagi kallani tashlab yubordi. Akasining kesilgan boshi qorga choʻkdi. Uning qalbidan otilgan faryod sukunatni qalqitib yubordi. Togʻlar aks-sado berdi. Yoʻq, aks-sado emas bu. Togʻlar ham faryod chekdi. Bu faryodni qorlar oʻziga shima olmadi — osmon bagʻriga singdirdi.

Hozirgina oqligi bilan koʻzni qamashtirayotgan qor bir nafasda qop-qora boʻlib qoldi. Keyin asta qizardi. Choʻqqilardan qip-qizil qon oqib kela boshladi. Issiq qon uni ham bagʻriga tortib, avval tovonini kuydirdi, keyin badaniga tarqaldi. Soʻng miyasi qiziy boshladi. Tomogʻi qurib, qonni simira ketdi. Simirgan sayin ichi kuyaverdi. Keyin qon qorga singib, atrof asta oqardi. Shunda u qorga botib turgan kallani avaylab qoʻliga oldi. Yumuq koʻzlarni, oʻsiq qoshlarni siladi. Silay turib vujudidan yana faryod otilib chiqdi.

Osmon qa’riga ikki kungacha faryod otilib turdi. Keyin bu ovoz boshqa yerlarga koʻchdi.

U ozib-toʻzib ketdi. Borar joyini ham unutdi: telba boʻlib qoldi. Kallani qoʻlidan qoʻymay, tentirab yuraverdi. Bir yerda oyogʻi toyib, pastga qarab yumalaganida uni yoʻqotdi. Alam bilan nola chekdi. Oxiri bir yumaloq toshni kalla xayol qilib avaylab oldi. Qosh-koʻzni izladi. Topolmay uvvos solib yigʻladi. Lekin uni tashlab yubormadi. Ehtiyotlab koʻtarib yuraverdi.

Oradan bir necha kun oʻtgach, savdo vajidan Koshgʻarga borib-kelib yuruvchi oʻzbeklar uni koʻrib qolib, xachirga mingashtirib oldilar. Charx urayotgan quzgʻunlar yemishlaridan mahrum boʻldilar. Koʻchkini pastlab oʻtgan savdogarlar yigʻisidan bezor boʻlib, uni yana tashlab ketdilar.

Quzgʻunlar yana yemish umidida uning ustida charx ura boshladilar...

Elchilar

Nogʻoralar chalindi. Jarchilar jar solib, buxoroliklarni baland minora atrofiga toʻpladilar. Saroy va din, tijorat va irodat ahli odatlarini qilib, minoraga yaqinroq yerdan joy oldilar. Yuzu koʻzlarida hadik zohir boʻlgan ahli ano bilan ahli niyoz esa panaroqda turishni afzal koʻrdilar.

Jarchilar Buxoro saltanatida «shakkok» paydo boʻlgani, Vobkent minorasi sirtida tik yurgani, amir hukmi bilan bugun uning ulkan minoraga roʻpara qilinajagini kallai saharlab fuqaroga ma’lum etdilar.

Toʻplanganlar bu gaplarga bir ishonib-bir ishonmay, gangib, ora-sira bahslashib, «shakkok»ning olib kelinishini kutar edilar:
— Minora sirtidan yurgani yolgʻon boʻlsa-chi?
— Boshi ketadi.
— Rost boʻlsa-chi?
— Bari bir boshi ketadi.

Minoraga yaqin turganlar ham boʻlajak voqeani oʻylashar, ammo chetdagilarga oʻxshab, fikrlarini tilga uzatmas edilar:

«... Agar-chi, «shakkok» chindan ham minora sirtida tik yura olsa, u odam emas, iblis boʻladi. Iblis fuqaro orasiga aylandimi, imon ketadi. Imon ketsa, davlat tayanchidan ayriladi. Fargʻona muzofoti qaqshab, Buxorodagi yirtiq choponlar gʻimirlab turganda bu nimasi edi? Xudo bu ofatni ularga ne uchun ravo koʻrdi? Qaysi gunohlari uchun jazolamoqchi? Iblis shu qadar qudratga ega ekan, ularning jonini sugʻurib olishi ham mumkin-ku? ... Atrofda sipohilar muncha kam?...»

Ana shu sarosima bilan orqaga qaraganda tislanishga joy yoʻqligini koʻrgach, noiloj yurak yutib, joylarida qotib qolaverdilar.

Nihoyat, oyoq-qoʻllariga kishan urilgan «shakkok»ni olib keldilar. Baland boʻyli, yelkalari keng, koʻzlarida oʻt chaqnab turgan sarpoychan bu odam aravadan bamaylixotir tushib, minora tomon yurdi. Buni koʻrib, olomon bir guvrandi.

Amir farmoni oʻqildi.
Maydonga sirli sukunat choʻkdi.
«Shakkok» kulimsirab turaverdi.
Olomon hayratda...
Mullavachchalar davrasidagi qoruvli yigit «shakkok»ni koʻrdi-yu, tili kalimaga kelmay qoldi. Buxoroliklar orasida «Tabib afandi» degan nom bilan ma’lum boʻlgan odam koʻzida esa nechundir gʻazab uchqunlanadi.

«Shakkok» odamlar orasidan uni izlab topgach, yana kulimsiradi. Kishanlar yechilishini ham kutmay minora sirtiga oyoq qoʻydi. Qaddi bir oz qiyalanib turdi-da, keyin rostlandi. Kishanlarni sharaqlatgancha, tik yurib ketdi.

Chetroqda turganlar kalima keltirib, vahimaga tushib, qocha boshladilar.

«Shakkok» minoraning narigi tomonidan yurib tushganida maydonda qoʻrquvdan titrayotgan besh-oʻn sipohidan boʻlak hech kim qolmagan edi. «Shakkok» bir nojoʻya harakat qilsa, ular ham qochib qolishga tayyor edilar. Ammo uning harakatida tajovuz sezilmadi. Kulimsiraganicha aravaga chiqib oʻtirdi. Sipohiylar nima qilarlarini bilmay, yana zindon sari yurdilar.

Ertasi kuni Buxoro xalqini tashvishli xabar uygʻotdi: minora sirtida tik yurgan «shakkok» qanotli maxluqqa minib, uchib ketibdi! Soqchilarning barchasi uning oʻrnida — zindonda uxlab qolishganmish...

Tahlikada qolgan shaharda Olloh yoʻliga qurbonliqlar ataldi. Odamlarning halovati yoʻqoldi. Barcha qiyomatning haq ekaniga ishonib turgan kezda, kunchiqar tomonda kuchli guldirak tovushi eshitildi. Keyin falak qarsillab, ikkiga ajralib ketganday boʻldi. Odamlar rozi-rizolik tilashib, qiyomatni kuta boshladilar. Ammo vahimali guldirak uzoqlasha borib, zamin ham, samo ham jimib qoldi.

Sarosima bilan kutilgan qiyomat sodir boʻlmadi.

Xuddi shu onda Yer kurrasi atrofida yoʻldosh kabi aylanayotgan yassi kema sayyoradan uzoqlashib, Somon yoʻli tomon uchdi.

Kemaning uchburchak shaklidagi asosiy xonasida Buxoro xalqini sarosimaga solgan «shakkok» — Tang sayyorasining elchisi Lukn boshini egib oʻtirardi. Undan ikki qadam narida turgan safar rahbari — yerliklarga «Tabib afandi» sifatida tanilgan Rhaq ham jim edi.

... Lukn qilgan ishidan vaqti chogʻ boʻlib, amir zindonida xotirjam yotar edi. Istasa, shu onning oʻzida zindondan chiqishi, arkka kirishi, hammayoqning toʻs-toʻpolonini chiqarishi mumkin edi. Uni Rhakdan boʻlak hech kim ushlab qololmasdi. Darvoqe, Rhaq... Lukn

Tabib afandi libosidagi oʻzining hamrohini koʻz oldiga keltirganda yuzida gʻolib kishining mamnun va magʻrur kulgisi paydo boʻldi. Ha, Rhaq — yerlik odamlar ongiga yuksak baho berib yurgan donishmand bugun beadad sarosimaga tushdi. Luknning minora sirtida yurishiyoq odamlarning aqlini oldi. «Ular qumliklar panasidagi fazo kemasini koʻrishsa bormi, eslari ogʻib qolishi tayin. Bu odamlar taraqqiyot yoʻliga chiqa olmaydilar. Rhaq endi bunga ishongan boʻlishi kerak». Yerliklar «Osmon» deb atovchi bu qora boʻshliqda Tang degan sayyora borligini rad qilib boʻlmaganidek Luknning nazarida bu fikrini inkor etish mumkin emas. Uning uchun yerlik odamlarning sarosimaga tushishlaridan koʻra, hamrohi koʻzidagi tashvishni koʻrish muhim edi. Lukn bu tashvishni koʻrdi! Bu tashvish pardasi ortida magʻlub odamning nigohi yashirin deb oʻylagan. Lukn bahslarning oʻz foydasiga hal boʻlganiga, Tang sayyorasiga — ona yurtiga oʻzining mutlaq tasdiqlangan fikri bilan qaytajagiga amin edi.

Ana shu ishonch uning vujudiga rohat baxsh etdi. Butun charchoqlari hovur kabi koʻtarilganday boʻldi. Zindonga yaqinlashishga yuragi dov bermayotgan soqchilarga qarab, kulimsirab qoʻydi-da, gʻadir-budir toshlar ustiga uzala tushdi. Shu koʻyi koʻzi ilindi.

Zindonda mamnun yotgan Lukn yanglishgan, hamrohi koʻzidagi tashvishni toʻgʻri uqmagan edi. Rhaq esa, aksincha, uning mamnunligi boisini yaxshi anglab, qaytish tadorigini tezlashtirdi. Tunda zindonga yaqinlashib, hali ham tili kalimaga kelmayotgan, na amirga boʻysunib «shakkok»ni qoʻriqlashni, na qochib qolishni bilmay kalovlanib turgan soqchilarga biotok oqimini yoʻllab, uxlatdi. Soqchilar yaqinlashayotgan qora sharpani koʻrishdi-yu, ammo uxlab qolganlarini oʻzlari ham sezishmadi. Ertalab oqshomda oʻzlarini «shakkok» zindonida koʻrib, «jonlarini omon saqlab qolgan Ollohga» ming karra shukr qilib, «osmondan qanotli odamsimon maxluqot tushib, ogʻzidan oʻt purkagani, ana shu otash zabtida uxlab qolishgani, keyin «shakkok» qanotli maxluq yelkasiga minib uchib ketgani»ni biri olib-biri qoʻyib aytib berdi. «Uxlab qolgan boʻlsalaring, «shakkok»ning uchib ketganini qanday koʻrdilaring?» deguvchi zot topilmadi.

Rhaq zindonda yotgan Luknga biotok oqimini yoʻllab, uni yanada qattiqroq uxlatdi. Soʻnggi ishlarga xalaqit berishi mumkin boʻlgani sababli uni Yer doirasidan uzoqlashgunlaricha uygʻotmadi.

Lukn qop-qorongʻi boʻshliqda uchib ketayotgan kemada uygʻonib, avvaliga gangib qoldi. Soʻng yerlik odam qiyofasidan chiqib, asl shakliga kirgan — boʻyi ikki baravar uzayib, qoʻli kichraygan, burni oʻrnida tangadek teshik qolgan, ogʻzining kattaligi oʻzgarmagan, ammo sochi chin rangini olib, yam-yashil boʻlgan safar rahbariga koʻzi tushib, hammasini fahmladi. Rhaqga gʻazab bilan tikildi...

Yer tomon uchayotganlarida ularning zimmalariga faqat bir vazifa — sayyorada istiqomat qiluvchi jonzotlarning taraqqiyot darajasini oʻrganishgina yuklangan edi. Yer hayotiga aralashish qat’iyan man etilgani uchun ham ular odam qiyofasiga kirib olgandilar. Yerga qilingan avvalgi ikki safar mashq tarzida boʻlgan, bularniki esa dastlabki jiddiy tadqiqot sanalardi. Mana shu tadqiqot samarasi koʻp narsalarni, xususan, Yer sayyorasining taqdirini hal qilishi mumkin edi.

«Moʻljaldagi ishlar risoladagiday davom etib, tadqiqotlar nihoyasiga yetay deb qolgan edi. Soʻnggi xulosalarga kelganda Luknning asabi chidash bermadimikin?

Rhaq shularni xayoldan oʻtkazib, hamrohiga norozi qiyofada boqdi:
— Kameraga kirib chiq, — dedi u bosiqroq gapirishga tirishib.

Lukn istamaygina oʻrnidan turdi. Rhaqning norozi nigohi uning izlariga qadaldi.

Dastlabki kuzatuvlardan soʻng, Yerdagi (u paytda sayyoraning nomi Yer deb atalishini bilishmasdi) taraqqiyot darajasining Tangga nisbatan ancha orqada ekani taxmin etilgan edi. Rhaq sayyora sathiga tushgan kunlari buni darrov fahmladi. Biroq, uning oʻtkir zehni Tangda mahv etilgan narsalarni ham ilgʻadi. Odamlarning oʻzaro samimiyati, mehri, muhabbati, olijanobligi, doʻstligi, ayni choqda, munofiqligi, adovati, qahri, makri, pastkashligi, bir-biriga yovligi uning uchun yangilik edi. Yerliklar hayoti uning fikrini shu nomutanosibliklari, shu murakkabligi bilan band qildi. Yer hayoti Luknning ham e’tiborini tortgan boʻlsa-da, u masalaga oʻzgacha yondashgan, koʻrganlarini oʻzgacha tahlil etgan edi. Hamrohining ayri qarashlarini ancha ilgari sezgan, biroq jiddiy e’tibor bermagan Rhaq minora voqeasidan ikki kun avval boʻlgan bahsda Luknning fikrlari faqat notoʻgʻrigina emas, balki zararli ekanini anglagan edi.

Yer hisobi bilan salkam bir yil davom etgan kuzatuvdan soʻng, Lukn «Odamzot taraqqiyoti tanazzulga yuz tutgan», degan qarorga kelibdi. «Oʻzini «inson» deb atovchi bu jonzotlar bir-birlarini yeb bitiradilar. Yerda hayot tugaydi. Tafakkur darajalari oʻsishdan toʻxtagan...» Rhaq bu aqlni hazm qila olmas, ayni vaqtda, hamrohini fikridan qaytarish qoʻlidan kelmas ham edi. Lukn Buxoro xalqini sarosimaga solish bilan oʻz haqiqatini isbotlamoqchi boʻldi. Bu uning qabihligi emas, balki kaltabinligi oqibati edi.

Lukn gen kamerasida asl qiyofasiga kirib qaytdi. Rhaq boʻlib oʻtgan koʻngilsiz voqeadan soʻz ochmadi. Kema Quyosh majumuasi sarhadiga yaqinlashib qolgan edi. Ikkovi ham uyqu kamerasiga kirishdan oldin soʻnggi tayyorgarlikni koʻrishdi. Qurilmalarning ishlashini sinchiklab kuzatgach, uchish ixtiyorini avtomat-navigatorga topshirib, bir-birlariga bosh irgʻab qoʻyishdi-da, oʻz boʻlmalariga kirishdi.

Lukn zindonda uxlab qolganidan soʻng qanday voqealar sodir boʻlganini endi fahm etgan edi. «Rhaq makkorlik qildi, — deb oʻylardi u. — Men bahsdagi fikrimni amalda isbotlamoqchi edim. U ishimga nima uchun aralashdi? Bahsda magʻlub boʻlishdan qoʻrqdimi? Axir uning bahsda yengilishi magʻlubiyat emas, aksincha, safarimizning yaxshi natija bilan tugashini belgilovchi omil edi-ku? Yerliklarni himoya qilishi tushunarsiz bir hol. Ming afsuski, safarga men emas, u rahbar. Boʻlmasa jazosini olar edi».

Lukn uyqu kamerasiga kirgach, darhol orom topdi. Rhaq esa kameraga kirishga oshiqmadi. U Luknning norozilik bildirishini kutgan, shunga yarasha javob tayyorlab, bahsga shay turgan edi. Hamrohining indamagani uni ajablantirdi. «Bu tangliklarga xos hissizligimi yo fursat kelishini kutmoqchimi? Balki nohaqligiga amin boʻlgandir? Yoʻgʻ-e!» Rhaq «Lukn oʻlibtirilibdi» degan gapga ishonishi mumkin edi, ammo uning fikridan qaytishiga sira ishona olmasdi. Fikrini oʻzgartiradigan jonzotda boshqalar qismatiga nisbatan achinish, boshqalarni tushunishga nitilish, boshqalar baxtidan lazzatlanish hissi boʻlishi kerak. Luknda bunday his yoʻq! Demak, fikrida qat’iy turadi. Asosiy bahs Tangda boshlanadi. Donishmandlar ikkiga boʻlinishlari mumkin. Bahsda qay bir tomon gʻolib keladi — bu noaniq.

Rhaq shaffof quvur shaklidagi uyqu kamerasiga kirib koʻk rangli simlarni bilagiga, sariq ranglisini engagiga tangʻiganidan soʻng, belgilangan reja boʻyicha yuzgacha sanamay uxlab qolishi kerak edi. Lekin uning a’zolari bu safar rejaga amal qilmadi. Keyingi kunlardagi voqealar Rhaqning asablarini qaqshatib yuborgan edi. Hozir, majburan uxlashi kerak boʻlgan onda, yana oʻsha minora, gʻoliblikdan masrur turgan Lukn, zindonda yerparchin boʻlib yotgan Salimxoʻja, yonogʻidagi kulgichi oʻziga yarashiqli durkun Nazira koʻz oldidan bir-bir oʻtaverdi...

Nazira? Voajab! Nazirani nechun esladi? Yerdan olib qaytayotgan behisob taassurotlari orasida nechun bu ma’sumaning nigohi bulut bagʻrini yorib chiqqan yashin singari xotiralarini toʻzitib yubordi? Nazira... Nazira... Dilbar qiz... Ammo uni hozir eslashi joiz emas. Yurtiga omon-eson yetib olishi uchun uxlashi zarur! Shuning uchun Yerdan olib ketayotgan xotiralarni, shular toʻdasida Naziraning uzorini ham quvishga harakat qildi. Choʻgʻ kabi yilt etib koʻz ochgan har qanday xotirani beayov oʻchiraverdi.

Shu zaylda uxlab qoldi.

... Rhaq qancha uxlaganini bilmaydi. Miyasidagi qaysi bir hujayra zaifgina bir titrab, uygʻonib ketdi. Yonboshiga oʻgirildi: Lukn xotirjam uxlayapti. Yurak urishini qayd etuvchi tasma uning gʻoyat osoyishtalik bilan orom olayotganini bildirib turibdi.

Rhaq hamrohining yuziga tikilib qoldi.

«Bir maqsad bilan yoʻlga chiqib, ikki xil fikrda qaytyapmiz. Yer tangliklar uchun yana muammoligicha qoladi. Agar Lukn fikrini isbotlay olsa, Yerning taqdiri oʻsha damning oʻzidayoq hal boʻladi: tafakkur darajasi oʻsishdan toʻxtagan sayyora Tang qaramogʻiga oʻtishi kerak! Yerliklar hamma narsadan — tildan, tarixdan, mehrdan, dildan... mahrum etiladilar. Qadam olishlari ham, soʻzlashlari ham Tang istagi boʻyicha boʻladi. Yerning taraqqiyoti, oʻz ixtiyoriga zid ravishda, tangliklar tomonidan tezlashtiriladi. Oqibat esa...»

Bu fikrdan Rhaqning vujudi seskandi. «Yoʻq, — dedi u oʻziga-oʻzi, — bunday boʻlishi mumkin emas. Shubhasiz, Tangda Luknni qoʻllaydiganlar topiladi. Lekin bu masalada yakdillik boʻlishiga ishonmayman!»

Rhaq avtomat-navigatorning ishini tekshirib koʻrgach, yana uyqu kamerasiga kirdi.

Bu safar ham koʻp uxlamadi. Kimdir turtib uygʻotgandek boʻldi. Oyoq-qoʻllari nima uchundir ogʻir, a’zoyi badani zirqiraydi. U boshini qoʻllari orasiga olib uzoq oʻtirdi. Eshik ochilib, kimningdir yuzi koʻrindi. Rhaq uning kimligini ilgʻay olmadi. Eshik qanday tez ochilgan boʻlsa, yana shunday tezlikda yopildi. Rhaq oʻrnidan turib tor dahlizga chiqdi. Hech kim yoʻq. U beixtiyor iziga qaytib Lukn yotgan kameraga qaradi. Lukn yoʻq! Rhaq hayratdan dong qotdi. Shu payt orqasida sharpa sezildi. U shaxt bilan oʻgirildi. Kimdir boshqaruv xonasiga oʻtdi. Rhaq tez-tez yurib, kemaning asosiy boshqaruv xonasiga kirdi. Hech kim koʻrinmaydi. Asboblar bir me’yorda guvillayapti. Kema goʻyo qorongʻi boʻshliqda muallaq turganday. Kimdir uning yelkasiga qoʻl tashladi. Boʻyniga kimningdir iliq nafasi urildi. Rhaq gangib qoldi. Atrofida hech kim yoʻq. U yana shoshib iziga qaytdi: Lukn joyida uxlab yotibdi. Rhaq yana sharpa sezdi. Boshqaruv xonasiga kirdi. Luknning kamerasiga qaytdi...

«Nima bu? Gallyutsinatsiyami? Asablarim qaqshab, oʻzimni eplayolmay qoldimmi? Yana kimdir yurganday boʻlyapti. Sharpa. Yoʻq odamning sharpasi. Yoʻq odam... Nimaga choʻchiyapman? Yoʻq odam qoʻrqinchlimi? Yovuzdan ham battarroq. Yovuz bilan roʻpara boʻlsang, oʻldirib qutulasan. Yoʻq odamdan-chi? Urib boʻlmasa, chopib boʻlmasa. Qanday qutulish mumkin? Yoʻq odam xayolimda-ku! Qaerdan keldi? Nima uchun xayolimdan joy berdim? Hali yoʻlning yarmi bosib oʻtilmadi. Kemada yolgʻiz oʻzim bedorman. Boshqa hech kim yoʻq. Sharpa ham yoʻq. Lukn uxlayapti. Bir oʻzim bedorman. Bir oʻzim...»

Rhaq shu zaylda oʻzini oʻzi ishontira boshladi. Sharpa har qancha xayolini chalgʻitsa ham e’tibor bermadi. Asablari bir oz osoyish topgach, uyqu kamerasiga kirdi.

Yana choʻchib uygʻondi. Yana a’zoyi badani zirqiradi. Boshqaruv xonasiga chiqdi. Kutilmaganda ekran yorishib, Fid koʻrindi. Hamisha jiddiy boquvchi botiq koʻzlar, oʻsiq qosh, bir tekis oqargan soch, pastki labining oʻng tomoni sal tortilib turibdi. Ovozi oʻsha-oʻsha dagʻal:
— Sen yanglishding, Rhaq. Endi hukmni oʻzing chiqarganing ma’qul.
— Hukm? Nima uchun?
— Yangi tartiblar bexato ishlashni talab etadi.
— Bunday tartiblarni faqat johillargina joriy qiladi!
— Zukkolarning izmi hamisha johillar qoʻlida boʻlib kelgan.
— Yanglishyapsan! Donishmandlar hech qachon johillar qarshisida tiz choʻkmaganlar.
— Ammo ular bilan doimiy kurash olib borishga majbur boʻlganlar. Vaqt va quvvatni behuda sarf etish zukko uchun ogʻir azob ekanini unutyapsan.
— Maqsadingni anglamayapman?
— Hukm chiqarishing kerak.
— Qanday hukm?
— Sen oʻz-oʻzini oʻldirish masalasiga qanday qaraysan?
— Bunday ahmoqona oʻy sira xayolimga kelmagan.
— Oʻylab koʻr...
— Esingni yigʻ, Fid!
— Oʻylab koʻr... Eng toʻgʻri yoʻl — shu...

Rhaq oʻrnidan turib ketdi. Koʻzlarini uqaladi. Ekran qorayib turibdi. Yana gallyutsinatsiyami? Rhaq bema’ni xayollarni miyasidan quvib chiqarish uchun diqqatini bir yerga toʻplashga urindi. Oʻzini oʻzi chalgʻitdi. Soʻng yana uyqu kamerasiga kirdi.

Endi avvalgidan ham kamroq uxladi. Nazarida Fid tepasida turganday tuyuldi. Koʻzini keskin ochib atrofiga alangladi. Oʻrnidan turdi. Lukn yotgan kameraga qaradi; hamrohi uyquda. Keyin boshqaruv xonasiga kirib ekranga tikildi. «Fid boshqa koʻrinmaydi, avvalgisi gallyutsinatsiya edi. Oʻzimni oʻnglab oldim. Boʻsh kelish yoʻq...» deya oʻziga dalda berdi. Har qanday sharoitda oʻzini qoʻlga ola biladigan Rhaq Yerga qilinajak safar oldidagi tayyorgarlik davrida ham sinov kamerasida koʻp marta yakka oʻzi yashagan, sun’iy gallyutsinatsiyalarning barchasiga bardosh bera olgan edi. Ana shu sinovni inobatga olib uzoq muddatli uchishga chidayman, deb oʻylardi. Ammo u eng muhim bir narsani — Yerda oʻtgan umrini, hissiyotlar oqimidagi oʻzgarishlarni hisobga olmayotgan edi. Garchi ikki sayyora oʻrtasida aloqa oʻrnatish uchun asosiy omil hisoblangan suv, havo, tuproq tarkibi bir xil boʻlsa-da, u Yer sayyorasida oʻzini kutilmaganda oʻzgacharoq his etdi. Rhaq bu xira yulduzda molekulyar komplekslarning vujudga kelishi uchun zarur boʻlgan organik birikmalar mavjudligini, bu moddalarning erishiga mos suyuqlik ham borligini yaxshi bilardi. Ammo ilmiy kuzatish va tadqiqotlarga boʻysunmaydigan talay omillarni keyinroq payqadi. Faqat payqab qolmay, ularni alohida mehr bilan ardoqlay boshladi. Odamlarning oʻzaro munosabatidan kelib chiqadigan bu omillar uning ruhiyatiga ta’sir koʻrsatgan, shu sababli hududsiz fazosarobining domidan qutula olmayotgan edi.

U qorayib turgan ekranga qarab oʻzini gʻolib seza boshladi. Rhaq gallyutsinatsiyani chekintirganiga amin edi. Hatto gʻoliblik nashidasi qoʻngʻir yuzida ham sezildi. Oʻzini chalgʻitish uchun kundaliklarini varaqlayman deb kursiga endi oʻtirganida, ekran yana yorishdi-yu, Fidning sovuq, qahrli yuzi koʻrindi. Rhaqning badani jimirladi.
— Kutmovdingmi? — dedi Fid kiprik qoqmay.
— Kutgan edim. Lekin istamagandim.
— Istak bilan majburiyat boshqa-boshqa narsa. Tangda istak degan tushunchaga barham berilganini unutdingmi?
— Aksincha, afsus bilan esladim.
— Rhaq! Sen Tangga qaytyapsan. Undan qochayotganing yoʻq. Yurtingdagi tartiblarni afsus bilan eslash huquqidan mahrum ekaningni unutma.
— Haqqim yoʻqligini yaxshi bilaman. Ammo nachora, afsus bilan eslaydigan tartiblar koʻpligini Yerda aniq sezdim.
— Bizdagi tartiblar osmondan olingan emas. Ming yillarni oralab oʻtib, pishib-etilgan. Unga shak keltirma.
— Biz ming yillar davomida gangib yurgan ekanmiz.
— Rhaq, tilingni tiy! Senga nimamiz yoqmay qoldi, ayt, balki yanglishayotgandirsan?
— Qani endi yanglishayotgan boʻlsam. Bu qadar yonmas edim.
— Ayt.
— Fid, sen mening qancha bolam borligini bilasanmi?.. Yoʻq. Boshqalarnikini ham bilmaysan. Men ham shunday — xabarsizman. Chunki biz faqat xizmat yuzasidan aloqa qilamiz. Bizga faqat bir narsa — yuksalish uchun ishlash, ishlash uchun yuksalish kerak. Burch, sadoqat, mehr degan tushunchalar taraqqiyot yoʻlidagi gʻov... Fid, sen sevib uylanganmisan? Oʻylamay qoʻya qol. Hammamiz kompyuterning ma’lumotlariga qarab uylanganmiz. Nazarimizda sevgimiz aldamchi, kompyuter esa aldamaydi. Biz yuksalish uchun ishlashimiz, ishlash uchun yuksalishimiz kerak. Fid, sayyoramiz xavf ostida qolsa ahvolimiz nima kechadi, sen hech oʻylaganmisan?
— Oʻylamay-chi? Biz bu xavfni lahzada bartaraf etamiz. Sen qudratimizga ham ishonmay qoldingmi?
— Ishonaman. Ammo fazoning qay bir nuqtasida bizdan oʻn karra qudratliroq ongli jonzot boʻlsa-chi?
— Yoʻq, bu farazing nooʻrin. Eng oliy ong faqat Tangda mavjud. Biz tabiatni yenggan yagona oliy ong egalarimiz.
— Sen haqsan. Ammo xavf tugʻilib qolsa, yengishga chogʻimiz kelmaydi. Bizning bir-birimizga qadrimiz yoʻq, bir-birimizni qoʻllab-quvvatlamaymiz. Shuning uchun ham ojizmiz.
— Bekor aytibsan. Qadrimiz bor. Bir-birimizni qoʻllab-quvvatlaymiz ham. Tang aholisi oʻrtasida eng yaxshi munosabat mavjud.
— Sen eng yaxshi deb atayotgan munosabat quruq, soxta.
— Hissiyotga berilish — tanglik ruhiyati uchun oshiqcha yuk, Rhaq.
— Men faqat ana shu yukni koʻtarib yurishga mingdan-ming rozi edim.
— Rhaq, ruhing xastalanibdi. Tang tarixini kavlashtirib yurganingdayoq buni sezib edim.
— Fid, endi tarixni ochish vaqti yetdi.
— Yoʻq, aslo! Tang tarixini oʻrganish — taraqqiyot yoʻlidagi asosiy gʻov. Tarix faqat maxsus guruh uchun ochiq. Oʻtgan zamondagi xatolar tahlil qilib turilsa, bas. Boshqalar faqat yuksalishni oʻylashi kerak. Orqada hech nima yoʻq!
— Fid, fikring oʻzgarib qolibdi. Sen Luknning gaplarini aytyapsan.
— Men oʻzimning gaplarimni aytyapman. Men — Luknman!

Rhaq seskanib, koʻzini yumib ochdi. Darhaqiqat, ekrandan Fid emas, Lukn qarab turar edi. Rhaq jon holatda ekranni kaftlari bilan toʻsdi. Tasvir yoʻqoldi. U telba bir ahvolda oʻrnidan turib koʻzlarini uqaladi. Ekran qorayib turibdi. Yana gallyutsinatsiyami? Nima bu, halokat belgisimi? U boshini changallab oʻtirdi. Keyin xayolini jamlamoq uchun koʻzlarini yumib, stolni beixtiyor cherta boshladi. Nazarida qoʻli ogʻirlashayotganday, harakat mushkullashganday tuyuldi. Koʻzini ochib baqirib yuboray dedi: barmoqlari beshtadan boʻlib qolibdi! Xuddi yerliklarnikiday — beshta! U koʻzlarini mahkam yumib, keyin yana ochdi. Yoʻq. Barmoqlari beshta emas, tangliklarnikiday uchta. Demak, yana gallyutsinatsiya. Asablari pand beryapti. Qanday boʻlmasin uxlashi kerak. Yoʻqsa, manziliga yetib borolmasligi mumkin.

Kema bir maromda uchib borar, Rhaqning asablari esa tobora izdan chiqar, noxush kechinmalar oʻtida qovurilardi. Keyingi kunlarda koʻziga faqat Fid — Yerda hayot borligini bashorat qilgan donishmand Fid koʻrinadi. Qandaydir hukm chiqarishga, uni ijro etishga undaydi.

Rhaq Fid bilan koʻp jihatdan hamfikr edi. U gallyutsinatsiya domidan ozod boʻlgan kezlari xayoliy bahslarni eslab hayratlandi. Chunki Tangda Fid bilan biron-bir muammo ustida bunchalik qattiq tortishmagan edi.

Tang fazogirlari juda koʻp yulduzlarga bordilar. Lekin hech birida ongli mavjudot uchratmadilar. Donishmandlar markazida endigina tahsilni tugatgan Fid kattaligi jihatidan ham, nuri jihatidan ham oʻzgalardan farq qiluvchi yulduz atrofida harakat qilayotgan nisbatan mayda va nursiz toʻqqiz yulduzni kuzata boshlaganida unga aytarli ahamiyat berishmadi. Bir tomonda oʻzini qoya deb his qiluvchi donishmandlarning taxmini isbotlanmay turganda, bu «goʻdak»ning farazlariga kim ham e’tibor qilardi? Fid maqsadga faqat iqtidor bilan emas, balki sabr-toqat bilan ham borilajagini yaxshi bilardi. U ultrabinafsha spektrometr yordamida yorqin yulduzga yaqinlik boʻyicha uchinchi turuvchi, kattalikda esa beshinchi oʻrinda turuvchi xira yulduz atmosferasining kimyoviy tarkibini aniqlab, undagi vodorod va geliy miqdori Tangniki kabi ekanini aytganda ham, xira yulduz atmosferasida suv bugʻi mavjudligini spektroskopik tadqiqotlar isbot etgandan keyin ham shuhratga umid qilmadi. U oʻzini donishmand sanaydigan, aslida «nima uchun kunduzi yorugʻ, tunda qorongʻi boʻladi» deb bosh qotirib yuradigan chala olimlar qatorida navbat kutishga majbur boʻldi. Bu uning izzat-nafsiga tegsa-da, sayyorada joriy boʻlgan qonunga tik borolmasligini bilib, toqat qildi. Tangda uning kashfiyotidan hayratlanib, birinchi boʻlib qutlagan kimsa Rhaq edi. U doʻstining taxminlariga ishonardi. Farazlarning isbot etilishi Rhaq uchun nur ustiga a’lo nur boʻlgan edi.

Birinchi fazogirlar Yerga safar qilib qaytishganda ularning quvonchi cheksiz edi. Fazogirlar ikkinchi uchishga tayyorlanayotgan vaqtlarida Rhaq uchinchi — eng muhim safarga oʻzi borajagini hali bilmasdi. Mana uchinchi tadqiqot ham tugayapti. Endi toʻrtinchisiga kim borarkin?

Bu savol yerda ekanidayoq Rhaqning koʻngliga gʻulgʻula solgan, dilida: «Imkon boʻlsa yana oʻzim kelardim», degan umid ham uygʻongan edi. Koʻnglini bezovta qilayotgan xayoliy bahs-munozaralardan keyin Rhaqning Yerga yana qaytish haqidagi ilinji barbod boʻla bordi.

... Bu safar ham choʻchib uygʻondi. Yana Fid bilan roʻbaroʻ boʻlishini eslab yuragi orqasiga tortib ketdi. Bir nuqtaga tikilib xayolini toʻpladi. Boshqaruv xonasiga ham, Lukn yotgan kameraga ham qaramay, Yerdan olib ketilayotgan «oʻljalar» turuvchi boʻlmaga kirdi. Kaftdek ekran burchagidagi qoʻngʻir murvatni buradi. Ekranda Yer tasviri koʻrindi; daraxtlar gullagan, pagʻa-pagʻa oq bulutli osmon yer bilan qoʻshilib ketganday— osmon aksi yerga tushyaptimi, yo aksinchami, bilib boʻlmaydi. Ariqlarda suvlar toʻlib, xas-xashaklarni surib oqadi...

Rhaq bu tasvirga qarab yengil tortdi. «Bu xonaga avvalroq kirsam boʻlmas ekanmi», deb oʻylab yumshoq oʻrindiqqa oʻrnashib oʻtirdi. Shu payt orqa tomondan bir ovoz keldi. Rhaq choʻchimadi. Aksincha, ovozni qayta kutdi. Ovoz yana eshitildi. Rhaq oʻrtandi: u Naziraning beozor kulgisini eshitgan edi. U orqasiga oʻgirilishdan choʻchidi — qarasa, Nazira hurkib uchib ketadiganday edi. Qiz roʻparasiga kelmasa ham mayli, faqat kulgisi eshitilib tursa bas. Xuddi shu kulgi uning nazarida kemadagi noxush narsalarning barchasini quvib chiqaradi.

Nazira... Nazira... Nimaga kulmayapti. Nimaga jimib qoldi? Tabib afandiga — Rhaqqa aytadigan gapi yoʻqmi? Xayrlashmay ketgan «beoqibat» Tabib afandidan xafami? Shuning uchun ham yolgʻizlik toʻrlarida boʻgʻilayotgan Rhaq huzuriga kechikib keldimi? Nazira... Nimaga jimib qoldi?

Rhaq chiday olmadi. Orqasiga oʻgirildi: nigohi qora qutilarga urildi. — Nazira yoʻq! Fid adoqsiz bahslari bilan uning yurak-bagʻrini qon qilib yubordi. Xotirasida qizning tiklanishi balki shu yaralarga malham qoʻyarmidi? Rhaqni ruhiy halokatdan asrab qolarmidi?

Ekrandagi tasvir soʻndi. Rhaq uni qaytadan qoʻydi. Soʻng qora qutilardan birini ochib, qoʻliga ilingan kitobni oldi: Hofiz Sheroziy. Naziraning akasi Toʻxtamurod xoʻb ta’rifini keltirgan edi. Shoirning bir bayti Rhaqqa ajabtovur tuyulib, yodlab olgan edi: Agar on turki sheroziy ba dast orad dili mo ro,
Ba holi hinduyash baxsham Samarqandu Buxoro ro.
Kitobni qoʻliga olib varaqladi-yu, shu baytni eslab kulimsirab qoʻydi. «Yerliklarning muhabbatidan aql lol qoladi, — deb oʻyladi u. — Bitta hol uchun ikki shahar bermoqchi. Surishtirishsa oshiqning ikki tangasi yoʻqdir. Lekin ixtiyorida ikki shahar emas, ikki dunyo boʻlsa ham goʻzalning bir xoliga almashtirib tashlashi tayin. Yerliklarning muhabbati shunaqa— oshiq odam esini yoʻqotib qoʻyadi...» Rhaqga bu narsa avval erish tuyulgan, yerliklarga xos keraksiz his degan xulosaga kelgan edi. Keyin, chuqurroq oʻylab koʻrib, odamlarni bir-biriga xuddi shunday muhabbat bogʻlab turganiga ishondi.

Kimdir qoʻshni boʻlmada turib, pichirlab she’r oʻqiganday boʻldi. Rhaq sergaklandi. Kimdir xoʻrsindi. Yana she’r oʻqidi — Nazira! Ha, Rhaq uning ovozini ilk marta shu zaylda eshitgan edi.

... Devor ortida bir qiz ovozini koʻtarmay gʻazal oʻqirdi. Rhaq quvurga tiqilib, suv yoʻlini toʻsib qoʻygan xashaklarni olib tashlash uchun devor tomon yaqinlashganda, qiz bolaning ovozini eshitib, toʻxtadi. Ishqiy gʻazalni tinglab, qizning yoshini chamaladi: oʻn olti-oʻn yettida boʻlsa kerak. Rhaq devor yaqinida koʻp turmadi. Suv yoʻlini ochib, hujrasiga qaytdi.

Hozir ham Nazira qoʻshni boʻlmada turib gʻazal oʻqiyotganga oʻxshadi. Rhaq quloq tutdi: gʻazalning soʻzlarini anglamadi.

Ovoz tindi. Rhaqning xotirasidagi qiz qayoqqadir yoʻqoldi.

Rhaq uni qaytarish istagida shosha-pisha qutini titdi — qiz sevgan kitobni axtardi. Topdi. Oʻsha zahoti qizning ovozi keldi, hatto ekranda oʻzi ham koʻrindi.

«Siz Zebuniso begimning gʻazallarini yaxshi koʻrasizmi? Akamga Hofiz Sheroziy bilan Fuzuliy boʻlsa, bas. Shoiralarga hushlari yoʻq. Eshiting-a:

Kiprigi — xanjar, karashma — tigʻ, koʻz tashlash — yashin,

Gar shahid boʻlmoqchi ersang, karbalo bu yerdadir...

Bu baytlarga hazrat Navoiy ham ofarin aytgan boʻlar edilar. Akam: «Yaxshi bayt aytish faqat erkaklarga xos», deydilar. Nodirabegimni ham nazarga ilmaydilar. Siz dono odamsiz, akamga ayting: bu qadar bemehr boʻlmasinlar...»

Boshqaruv xonasida chaqiruv signallari yangrab, ekrandagi tasvirni ham, Rhaqning xayollarini ham toʻzitib yubordi. Rhaq shoshib oʻrnidan turdi.

Kema Tangga yaqinlasha boshlagan edi. Dam oʻtmay Lukn ham uygʻondi.

Qolgan kunlar Rhaq uchun azob boʻldi. Lukn bilan deyarli gaplashmaydi. Gallyutsinatsiyadan qutuldi. Naziraning ovozi ham eshitilmaydi. Yuragi toshib ketaveradi. Asablari qaqshaydi. Xuddi jon tomiri uzilib ketadiganday xavotirga tushadigan boʻlib qoldi.

Rhaq kemaning Tang sahniga ohista qoʻnishini ham sarob deb oʻylab, uzoq vaqt joyidan jilmay oʻtirdi. Yon-atrofidagi tasvir oʻzgarmagach, tushi emas, oʻngi ekaniga ishonch hosil qilib oʻrnidan turdi. Biroq yura olmadi. Oyoqlari zilday ogʻir edi. U muvozanatini yoʻqotib kursi suyanchigʻini ushladi-da, joyiga qaytib oʻtirdi. Asboblarning gʻuvillashi tingach, qulogʻi shangʻilladi. Koʻzlarini yumdi. Tangga yeta olmay yo jinni boʻlaman, yo oʻlaman, degan oʻy uni iskanjaga olib, koʻp qiynagan edi. Nihoyat, Tangga yetib keldi. Es-hushi joyida. Salomatligi ham yomon emasga oʻxshaydi. U baxtli tasodif bilan omon qoldimi? Yoʻq odamning sharpasi qanchalar azobga soldi? Fid-chi? Yaxshi hamki Naziraning xotirasi dalda berdi. Yoʻqsa...

«Hozir mutaxassislar kema eshigini ochadilar. Ular orasida Fid ham bormikin? Xayoliy bahslarimizni eshitib nima derkin?»

Tor Dunyo

Rhaqning asablaridagi salbiy oʻzgarish qayd etilgach, uning donishmandlarga hisob berishi kechiktirildi. Shifoxonada yotib davolanishi zarur ekanligi haqidagi gapni eshitib, u e’tiroz bildirdi. Chunki Luknning ma’lumotlariga qarshi kurashni kechiktirib boʻlmasligini yaxshi bilardi. Ayni choqda, donishmandlar hukmining mutlaq ekanini unutgan ekan — noiloj shifoxonaga bordi. Bordi-yu, battar siqildi. Garchi gallyutsinatsiya endi ta’qib etmasa ham, xayoliy bahslarga chek qoʻya olmadi. Yuragi qon boʻlib ketdi. Koʻngli kengliklarni qoʻmsadi. Kenglik... Qaerda bor? Yerda mavjud edi...

Tangda ikki kishiga moʻljallangan uchuvchi yassi uchoqlar ixtiro qilingach, koʻchalarga ehtiyoj qolmagan, natijada, bir-biridan oʻzishga bahs boylaganday koʻkka boʻy choʻzgan oynaband binolar orasi soʻnggi imkonga qadar toraytirilgan edi. Rhaq Yerda yurganda ana shu uchoqlarni koʻp oʻyladi. Ba’zan bu yassi uchoqlar osomonni xuddi za’faron bulut kabi toʻsib olar, ana shunda bino poyida turgan kishi oʻzini oʻraga qamalib qolganday his etardi. Tangda yassi uchoq bilan bino tomiga qoʻnib, ichkariga yuqoridan tushishga koʻnikkan Rhaq Yerdagi bir qavatli sodda binolarni koʻrib, dastlab ajablangan edi. Endi bilsa, oʻsha binolar kenglikka erk berib turarkan. Tangda esa... bu eskirgan ibora. Tangliklar bir-biriga yelka tiraguday boʻlib turgan baland uylarga koʻnikib qolishgan. Tor dunyoga koʻz oʻrgangan. Biroq koʻngil koʻnikolmaydi.

Hozir hamma uyquda. Rhaq esa mijja qoqmaydi. U bir necha kundan beri bedor. Hech kim bilan gaplashmaydi. Hech kimga dardini aytolmaydi.

Rhaq navbatchilarni uygʻotib yubormay deb, oyoq uchida yurganicha dahlizga, undan hovliga, undan tor koʻchaga chiqdi. Havo dim. Toʻgʻriga ketaverdi. Qaerga borayotganini oʻzi ham bilmaydi. Koʻngli faqat bir narsani — kenglikni qoʻmsaydi. Tangda bunday joy yoʻqligini bilsa-da, qalbidagi yashirin ilinjga ishonib boradi. Xayoli jilovsiz. E’tiqod, niyat, ezgulik qora tamgʻa ostida. Bosh koʻtarishga ojiz. Surur esa Tangni allaqachon tark etgan... Chunki kimdir, qachondir «bu hissiyotlar taraqqiyotga halal beradi», deb barchani ishontirgan, oqibatda sayyoradagi kattayu kichik faqat taraqqiyotni oʻylab yashashga koʻnika borgan va bu qonun tusiga kirib qolgan edi.

Tongotarda Rhaq moʻ’jaz bogʻ roʻparasidan chiqdi. Aslida bu bogʻ emas, qachonlardir savlat toʻkib turgan oʻrmonning omon qolgan bir boʻlagi. Tabiatni yenggan tangliklar marhamat tariqasida, toʻgʻrirogʻi, yovvoyi tabiatdan yodgorlik sifatida har oʻrmondan mana shunday boʻlaklar qoldirgan edilar.

Rhaq kenglikni shu yerdan istab topmoqchimi?

Dunyo tor. Bir qarich ham boʻsh yer yoʻq. «Qaerdadir koʻngilga taskin bera oluvchi, xuddi Yerdagiga oʻxshagan kenglik boʻlishi kerak, — deb oʻylardi u. — Poyoni yoʻq ufqqa tutashib ketuvchi kengliksiz yashash mumkin emas... Alahsirayapmanmi?.. Tentakman... Bedorlik kuchini koʻrsatyapti. Sarobni orzu qilyapman...»

Rutubat bosib turgan binolar orasida yurib, toliqdi. Tang quyoshi — Zauraning sargʻish nurlarida jilvalanuvchi shisha binolar, uning nazarida, kenglikning sarhadi. Roʻparasidagi bogʻ — oʻrmonning omon qolgan boʻlagi ham chegara. Kenglik har tomondan oʻrab olingan. Siqiqda qolgan. Koʻngil shu chegarani yorib oʻtishni istaydi.

Rhaq daraxtzorga kirdi. Avval qurib-qaqshab yotgan soʻqmoqdan, soʻng maysa qoplagan zahkash yerdan yurib ketdi.

Sokinlik. Goʻyo shaharning asabni egovlovchi shovqini ham jilvagar baland binolar oralab shu daraxtzor tomonga oqadi-yu, dastlabki maysalarga duch kelgach, zax yerga singib ketadi. Hatto qushlarning chugʻuri ham eshitilmaydi. Darvoqe, qushlar... Ularning nomlari ham, suratlari ham tarix sanalib, Tangning yosh avlodlaridan sir saqlanadi. Himoyasiz qushlar Tang havosidagi keskin oʻzgarishning dastlabki qurbonlari boʻlishdi. Lekin hech kim bunga e’tibor bermadi. Hatto kislorod miqdorining kamayishi ham tangliklarni tashvishga solmadi. Ham yassilik, ham tikkalik boʻylab yura olishga qodir, faqat yuksalish uchun ishlayotgan, ishlash uchun yuksalayotgan bu oliy ong egalari uchun sun’iy kislorod kashf etish qiyin ekanmi? Havo— sun’iy, ozuqa — sun’iy. Faqat a’zolar, yurak rosmana. Biroq, ularning ishlashi ham gʻayritabiiy.

Rhaq toʻxtab, atrofiga ziyraklik bilan boqdi.

Osudalik... Tangning bu bir parcha yerida osudalik hukmron. Kenglikning esa chor-atrofi siqib qoʻyilgan. Tabiat zamon hukmida. Daraxtlarning toʻrt quloch balandlikka qadar tik oʻsgan tanasi, keskin yoyilgan shoxlarida hayot nishonasi sezilmaydi — harakat yoʻq. Choʻp ustiga omonat qoʻyilgan likopchani eslatuvchi bu daraxtlar shamolga qarshi kurashishni, egilib-bukilib qarshilik koʻrsatishni, oqibatda esa gʻoliblik viqori bilan qad rostlab, savlat toʻkib turishni unutishgan. Rhaqning nazarida bular moʻrtroq shishadan qilingan, chertib yuborsang, shoxu barglari duv toʻkiladiganday edi...

Daraxtzor oralashi bilan birdan dimogʻiga shifoxona hidi urildi. Daraxtzorda bunday boʻy nima qilsin? Rhaq bu hidni xotirasida olib kelgan. Dam oʻtmay bu hid boshqa islar bilan qorishib ketdi. U holsizlanib, daraxtga suyandi. Barcha narsalarga qiziqishsiz, befarq qarovchi kimsalar barglar orasidan moʻralaganday boʻlishdi. Ularning koʻzlari boʻm-boʻsh kenglikka qadalgan... «Boʻlmagan gap! Boʻsh kenglik hech yerda yoʻq... Hatto xayol ham band. Tasavvur kenglikni unutgan. Nimani izlayapman? Kenglik — balki oʻlim chohidir? Shu choh kenglikka olib borar? Agar shunday boʻlsa, harakatim besamar. Izlaganim sayin oʻlim mendan qochyapti. Nahot qolgan umrim bekinmachoq bilan oʻtsa? Yo Yerdan olgan taassurotlarim asta-sekin yuvilib ketarmikin? Men ham avvalgiday hissiz, berahm, bee’tibor boʻlib qolarmikanman? Berahmlik... Ilgari bunday deb oʻylamas edim. Avvallari jazoga tortilayotganlar qismatiga achinmasdim. Hatto... oʻgʻlimga ham. U oʻrtoqlari bilan guruh tuzib, taraqqiyotni iziga qaytarishni xayol qilganda koʻp jihatdan haq ekanini bilardim. Bila turib hayrixoh boʻlolmadim. Muddaosiga yeta olmasligiga koʻzim yetsa ham toʻxtatishga harakat qilmadim. Vaqtimni ayadimmi? Ha, men umrimning har bir nafasini taraqqiyot, faqat taraqqiyot uchun sarf qilishni oʻylardim. Bolalarni bir soʻz bilan jazodan olib qolish imkoni boʻla turib, nimaga qutqarmadim? Xudbin edimmi? Donishmand ikir-chikirlar bilan emas, ilm bilan mashgʻul boʻlishi kerak, degan «gʻoya»ga shunchalik qul ekanmanmi? Axir mening qismatim ham boshqalar uchun, hatto jazosini olgan oʻgʻlim uchun ikir-chikir masala boʻlishi mumkin-ku? Nimaga buni fahmlamagan edim? Naqadar jaholat! Taraqqiyot va jaholat! Men oʻtgan yoʻlimga nima uchun bu qadar kech razm soldim? Agar Yerga bormaganimda shu fikrlar xayolimga kelar edimi?..»

Rhaq bu savollariga javob topa olmadi.

Daraxt panasidagilar Rhaqdan nigoh uzmay jim turishibdi. Ular Rhaqning dardli oʻylariga befarq. Qarashlari jonsiz, harakatsiz. Ular asta-sekin daraxtzorga singib ketdilar.

Rhaq yana ichkariladi. Kaftdek yalanglikka chiqib, toʻxtadi. Oʻrtada katta xarsang. Bu atrofda boshqa tosh yoʻq. Ilgari xarsang ostidan suv qaynab chiqardi. Sinib tushgan shox-shabbalar, koʻkatlarda qumursqalar oʻynab yurardi. Endi suv qurigan. Qumursqalar ham yoʻq. Boshqa suvli, nam yerlarni izlab ketishdimikin, yo qirilib bitishdimikin?..

U Yerdagi buloqlarni esladi. Qulogʻi ostida suvning shildirashi eshitilib entikdi. Boshi aylanib, oʻtirib qoldi. Bir zum koʻzini yumib ochdi. Endi barglar orasidan yerliklar qarab turganday boʻldi. Bu koʻzlarni koʻrgach, uvishgan qoni yurishib ketganday, badani ilib, asablari tinchlanganday tuyuldi. Yaqin oʻrtada bulbul sayradi. Rhaq Tangda bulbul boʻlganmi-yoʻqmi, bilmaydi, lekin uning ovozini Yerda dastlab eshitganda yurtida ham shunday qushcha boʻlishini juda-juda istagan edi... Barglar shitirladi. Goʻyo yerliklar koʻzlarini yumib-ochib: «Qanday xarobazorda yuribsan?» deb hayratlanayotganday tuyuldi. Rhaq chuqur xoʻrsindi-da, koʻzi berkilgan buloqqa qaradi. Keyin boshini qoʻllari orasiga olib, xarsangga oʻtirdi. Ketgisi keldi. Qayoqqa boradi? Yana oʻsha shisha qasr — shifoxonagami? Nonushta payti yaqinlashdi. Shunga shoshilyaptimi? Ochdan oʻlmaslik uchun ovqatlanib, soʻnggi nafasini kutib yotishga oshiqyaptimi?

«Uf... dunyo tor... juda ham tor...»

Rhaq iziga qaytdi. Daraxtzordan chiqib, yoʻl chetida turgan kimsaga koʻzi tushdi. Toʻxtadi. Daraxtzor tomonga qarab turgan kishi esa yura boshladi. Fidmi?
— Fid... — Rhaqning lablari titrab ketdi.
— Rhaq! — Fid tez-tez kelib hamrozini quchoqlab oldi.
— Fid...
— Gapirma, hammasini bilaman. Kundaliklaringni oʻqidim.
— Men yanglishibmanmi?
— Hozir bir narsa deyish qiyin.
— Axir...
— Bexato fikrlashning nimaligini bilasanmi? Mutlaqo fikrlamaydiganlargina xato qilishmaydi.
— Fid, faqatgina sen shunday deb oʻylay- san. Ammo koʻrganlarimni tasavvur qilishing juda qiyin.
— Tasavvur qildim. Kundaliklaringni oʻqib, suratlaringni koʻrdim. Luknning hisobotini ham eshitdik. Sen behad hissiyotga berilibsan. Shuning uchun ham taassurotlaring tarix tamgʻasi bilan sir saqlanadi.
— Fid, axir...
— Bahslashma. Hozircha ba’zilar Luknning fikrini yoqlayapti. Yerda shom pallasi boshlanganiga ishonishyapti.
— Yoʻq, Fid! Boʻlmagan gap! Men hali fikrimni isbot qilib beraman. Avvalgi fazogirlar Yerning turli nuqtalarida turli davralarda uygʻonish boʻlgan, fan birmuncha taraqqiy etgan, keyin soʻngan, deb toʻgʻri faraz qilganlar. Biz faqat bir nuqtada boʻldik. Men ularning uygʻonishiga aminman. Men yoshlar bilan koʻp muloqot qildim. Ularda intilish bor. Biz qaytar chogʻimizda kuchli portlash sodir qiladigan ma’naviy qudrat toʻplanayotgan edi. Men senga bir suhbatni aytib beraman. Ulardagi tarix yopiq darvoza emas, demak, uygʻonadilar.

Rhaq Buxoroning pastak hujralaridan birida boʻlgan suhbatdan ta’sirlanib, uni yodiga muhrlab olgan edi. Hozir shuni bayon qila boshladi.

Tabib Afandi

Rhaq Yerga qadam qoʻyishi bilan eng avvalo odamlarga yaqinlashish yoʻlini oʻyladi. Tangda berilgan talay tavsiyanomalardagi turli yoʻl-yoʻriqlarni mutlaq qonun deb bilmadi. Chunki ular odamlar hayoti, fe’l-atvorini yaxshi oʻrganmay turib tuzilgandi. Linkosmofon yordamida Yerdagi katta xalqlar tilini oʻrgangan Rhaq odamlar ichida yurib, ularning qiziqishlariga zehn solib, tabiblikni tanladi. Xuddi shu tabiblik tufayli odamlar bilan yaqin aloqa bogʻlay olardi. Rhaq oʻylagancha boʻlib chiqdi. Tez orada uning doʻstlari koʻpaydi.

Lukn Rhaqning tutgan yoʻlini yoqlamay, tavsiyanomalarga suyanib, odamlarni chetdan kuzatishni ma’qul koʻrdi. Rhaq buning nomaqbul yoʻl ekanini bilsa ham, oqibati nima bilan tugashini kutib, monelik qilmadi. Lukn oʻzining Yerga nisbatan kashf etgan haqiqatini isbot etmoq uchun kunbotar tomonda avj olayotgan muhoriba maydonlariga yoʻl oldi.

Xalq tabobatini oʻrgangan Rhaq esa odamlar orasida turk fuqarolarining e’tibori baland ekanini fahmlagach, oʻzini turk elidan kelgan tabib deb tanishtirib, Buxoroning kunchiqar tomonidagi dahadan bir hujrani ijaraga oldi. U tabobatda qoʻllanilayotgan dori-darmonlarning aksariyati befoyda ekanini bilar, ammo Tang tabobatining yoʻllarini qoʻllay olmas ham edi: bu bilan oʻzini fosh qilib qoʻygan boʻlardi. Yerliklar hayotiga faol aralashish qat’iy taqiqlaganiga qaramay, Rhaq ba’zan oʻzi sezmagan holda xastalarni biotok oqimlari bilan davolab yuborar, keyin hissiyotga berilgani uchun oʻzini koyirdi. Xastalarning tez davo topishi izsiz ketmadi. Burni anchayin beoʻxshov, qulogʻi esa, aksincha, kichik, koʻzlari botiqroq, rangi oq-sariqqa moyil, dam haddan ziyod sekin, dam sakraguday boʻlib yuradigan Rhaq «Tabib afandi» degan nom bilan tez orada el ogʻziga tushdi. Oqibatda u Buxoro fuqarosi ichida yangicha fikrlashlari bilan ajralib turuvchi ziyoli yoshlarga yaqinlashdi. Bu yoshlarning fikrlari turlicha boʻlsa-da, maqsadlari bir edi. Ularni hozircha faqat shu maqsad birligigina ushlab turar, kelajakni koʻra olish xislatiga ega boʻlgan Rhaq vaqti kelib bu yakdillikning darz ketishini yaxshi bilardi.

Uy egasi — oʻzini odamparvar deb biluvchi yigit hujrasida yigʻilganlarida, ba’zan, Tabib afandini ham chorlashardi. Ularning suhbatlarini bir chetda jimgina tinglovchi Rhaq bahslarga aytarli qoʻshilmas, ammo qay birining haq, qay birining nohaq ekanini fahmlab oʻtirardi.

Javzoning avvalida davraga mehmon qoʻshildi. Uni «Sabohiddin» deb tanishtirdilar. Bugʻdoyrang, qoʻllari katta-katta, yelkalari pishiq, kalta soqol-moʻylovli, simobi salla oʻragan bu mullavachchaga Rhaq dastlabki kuniyoq e’tibor qildi. Sabohiddin davradagilardan faqat ovozining jarangi bilan emas, keskinligi, jur’ati, eng muhimi, el uchun astoydil qaygʻurishi bilan ajralib turardi. Zohiran boshqalar ham koʻpning ishi deb qoʻygʻurardilar. Ammo ularning har birida oʻz manfaatini oʻylash hissi yashiringanini Rhaq bilib turardi.

Sabohiddinning yo uchinchi, yo toʻrtinchi kelishida bahs bexosdan ochiq kurashga oʻtgandi. Oʻsha kuni barcha shomga qolmay yigʻilgan boʻlsa-da, uy egasidan hanuz darak yoʻq edi. Davradagilar xavotirlanib endi tarqalishga taraddudlanganlarida Shoaziz terga pishgan holda kirib keldi.
— Uzrliman, afandilar, aybsitmang, — dedi u astoydil xijolat chekkan holda hamma bilan bir-bir qoʻl olishib soʻrashar ekan. — Shundayin ajib bir suhbatga berildimki, uni uzishga sira jur’at qilolmadim. Marhamat, afandilar, oʻtiringlar, hozir dasturxon tuzayman.

Davradagilar bunga hojat yoʻqligini aytib, e’tiroz bildirishsa ham, Shoaziz dasturxon tuzadi. Qoʻli ishda boʻla turib, kechikish boisini bayon qildi:
— Pistashikanon1dan oʻtib hovuz labiga borayotgan edim. Qarasam, Koʻkaldoshning shunday biqinida kishilarning hojatini chiqarib oʻtiruvchi mirza imlab chaqiryaptilar. Ilgari bir-ikki salom-alik qilib edim, yuz oʻgirib ketishim ayb boʻlar, deb yonlariga bordim.
— Mulla yigit, sizni bir sirdan voqif qilaymi? — deb qoldilar.

Ajablandim. Yana amir haqida igʻvo soʻz aytib shoʻrimni quritmasalar edi, deb hayiqdim ham. Atrofga qarasam, aygʻoqchi zoti yoʻqday. Mirza xavotirimni sezdilar.
— Siz zinhor choʻchimang, aytadurganim yaxshi gap,— dedilar.
— Ayting, — deb roʻparalaridagi boʻyraga choʻkdim.
— Tunov oqshomda bir yigit menga kitob keltirib, evaziga picha aqcha soʻradi. Qaynotasidan meros ekan. «Oʻzimning aqlim yetmaydi», deb tashlab ketdi. Uyga borib bu kitobni oʻqidimu hang-mang boʻlib qoldim. Oʻzbeklarning donishmand allomalari bu qadar koʻp deb sira oʻylamagandim, — dedilar mirza yoqalarini ushlab.
— Dunyoviy ilmlarning aksariga oʻsha tabarruk allomalar poydevor qoʻyib ketganlar, faqat buni elimiz durust idrok qilmaydi, — dedim.
— Siz kabi mulla yigitlar bu yumushni boʻyniga olsa ajib savob ish boʻlar edi, — dedilar u kishi afsus bilan. Keyin al Forobiy, al Xorazmiy al Fargʻoniy, al Beruniy, ibn Sinodan tortib mirzo Ulugʻbekka qadar oʻtgan allomalarni bir-bir aytib berdilar. Bu tabarruk zotlarning nomlari qatorida hali biz eshitmagan shunday allomalar bor ekanki, tinglab hayratga botdim, afandilar. Sizning bunda kutib oʻtirganingiz ham xayolimdan koʻtarilibdi. Mirzaning soʻzlari tugagach, oʻzimga kelib, shoshqich yoʻlga tushdim. Kela-kelgunimcha elimiz bu zoti tabarruklarning dahosidan bebahra ekan, bunga kim aybli, deb oʻzimga-oʻzim savol berdim. Keyin, eng avvalo amir tuzumi aybli, degan toʻxtamga keldim.
— Amir «allomalar merosi mahv etilsin», deb oliy farmon chiqaribdimi? — dedi Sabohiddin uning soʻzini boʻlib. Shoaziz bunday luqmani kutmagani uchun javobga taraddudlandi. Joʻraboshi Salimxoʻja uning joniga ora kirdi:
— Bunday farmon qogʻozda boʻlmagan taqdirda ham amalda mavjud, mulla, — dedi u odatdagiday bosiq ohangda.
— U holda aybnomani anglayolmay qoldim, — Sabohiddinning soddadillik bilan aytgan bu gapi Shoazizning hikoyasini uzib, bahsning bexos boshlanishiga sabab boʻldi.
— Amir tuzumining aybini bilmoq uchun koʻzni ochib atrofga zehn solmoq kifoya. Siz, mulla, diniy tahsildan boʻlak narsalarni koʻp ham e’tiborga olmaysiz. Umid qilamizki, bu suhbatlardan soʻng oq-qorani durustroq idrok eta boshlaysiz. Men endi aybnomamizni sizga sharhlab beray: allomalar merosidan bahramand boʻlmoq uchun eng avvalo yangi maktablar ochmoq zarur. Eng muhimi — maktabni ahli din nazoratidan xoli qilmoqqa ehtiyoj mavjud.
— Demak, allomalar xazinasiga gʻayridinlar yoʻli bilan bormoq kerak ekan-da? — dedi Sabohiddin norozi ohangda.
— Yoʻq, — dedi Salimxoʻja kulimsirab. — Unday emas. Agarchi maktab yana hozirgi mullalar qoʻlida qolar ekan, dunyoviy ilmlarga yoʻl ochilmaydi. Siz kabi mullavachchalarni Oʻrusiyaga, Qohiraga, hatto inglizlar yurtiga tahsil olgani yubormoq darkor. Madrasalarda zamonaviy ilmlarga yoʻl ochmoq joiz. Janobi paygʻambarimizning «Beshikdan to lahadga qadar ilm oling» deyilmish muborak hadislarini sizga eslatmoq oʻrinsizdir.
— Rasulilloh, sallollohu alayhi vasallam, da’vatlarini notoʻgʻri anglabsiz, — dedi Sabohiddin. — Paygʻambarimiz alayhissalom ummatlarini islomiy ilmlarni egallamoqqa undaganlar.
— Hay, hay — dedi Salimxoʻja uning soʻzini boʻlib.— Janob paygʻambarimizning da’vatlarini men emas, siz notoʻgʻri anglagan koʻrinasiz. Muhtaram paygʻambar afandimizning «Ilm olmoq uchun hatto Chinga ham boring» deyilguvchi sharafli hadislarini inkor etmassiz?
— Bu sahih hadislar. Rad etmoqlik — shakkoklik.
— Bale qorim, bale. Endi qoʻlimizga mantiq tarozisini olaylik. Hamonki siz bilan bizga hatto Chin mamlakatiga borib ilm olmoqlik farz etilyapti ekan, ayting-chi, Chin mamlakatida qanday qilib islomiy ilm olmoqlik mumkin? Axir u yer butparastlar yurti, islomiyatdan gʻoyatda uzoqlar-ku? Alqissa, sharafli hadisda dunyoviy ilm olmoqlik ham nazarda tutilgan. Faqat uxraviy masalalarga bandi boʻlib qolish jamiyatni ham, xususan, shariatni ham boʻgʻib turadi. Nasroniylar buni bizlardan avvalroq anglab yetdilar. Shu bois ham taraqqiyot bobida ancha ilgarilab ketganlar, desam fikrimni inkor etmassiz, a? Mavjud dunyoviy ilmlar ham Ollohning irodasi bilan yuzaga kelgan ekan, demak, ularni ham oʻrganish farzdir. Shular xususida amir oʻylamay kim oʻylasin? Amir yurtning otasiman, deydi-yu, lekin mamlakat ravnaqi yoʻlida jon kuydirmaydi. Ra’iyatning ravnaqi ilmu urfon bilangina boʻladi. Fayzullaxoʻjaning Peterburgda tahsil olib qaytganini aytib edim. Oʻsha zot padari buzurgvorlarining butun aqchalarini shu xayrli ishga sarf etmoqqa qaror berganlar.
— Hammasini-ya?! — dedi Shoaziz bu gapga ishonqiramay.
— Ha, hammasini.
— Otalarining aqchalari amirnikidan ham koʻp deyishardi?
— Amir aqcha bermagan taqdirda ham, yoʻlga gʻov solmasa goʻrga edi.
— Amir hech qachon murosaga kelmaydi, — dedi Shoaziz asabiy qoʻl siltab. — Uni mahv etish kerak, tamom!
— Undan keyin-chi? — dedi Sabohiddin uy egasining keskin gapidan taajjubga tushib.
— Undan keyinmi? — Shoaziz, «aygʻoqchi emasmikin bu mullavachcha?» deb ikkilandi. Keyin Sabohiddinni Salimxoʻja boshlab kelganini eslab, fikrini yashirmadi. — Keyin erkin jumhuriyat barpo etamiz. Shundagina yurtimiz qad koʻtaradi.
— Siz aytgancha boʻlsa, qad koʻtarolmaydi, — dedi Salimxoʻja e’tiroz bildirib.
— Nima uchun?
— Jumhuriyatni kim boshqaradi?
— Biz kabi ziyoli ahli bilan katta sarmoya egalari. Aytaylik, Fayzullaxoʻja. Axir bu ishga katta sarmoya kerak.
— Yoʻq, Shoaziz afandi, amirni xalq mahv etar ekan, mehnatni xalq qilar ekan, demakki, xalq jumhuriyati barpo boʻlishi kerak. Fayzullaxoʻja ham shu fikrda.
— Xalq dedingizmi? — Shoaziz istehzo bilan jilmaydi. — Eplay olmaydi!
— Bekor gap! Siz hozirgina tilga olgan zoti tabarruklar ham shu xalqning farzandlari ekanini unutmang.
— Inchunin, biz ham, sarmoya egalari ham.
— Toʻgʻri. Ammo sarmoya egalari mehnat ahliga qayishmaydi.
— Sizningcha, xalq jumhuriyatini oddiy odamlar boshqaradilarda? — dedi Sabohiddin.
— Ha.
— Men xalq deganda dehqonni ham, hunarmandni ham, oʻgʻri-muttahamni ham tushunaman, — dedi Shoaziz. — Odamlar orasida insof egasi ham, xudobezorlar ham bor. Jumhuriyat taxtiga insofdan naridagilar oʻtirsa, u holda yurtning ahvoli ne kechadi?
— Bundaylarga xalq yoʻl bermaydi. Axir u oq-qorani ajratadi, kimni saylayotganini biladi-ku?
— Salim afandi, siz sarobni orzu qilyapsiz, — dedi Shoaziz.
— Siz esa bir johilni ikkinchisi bilan almashtirmoqchisiz, xolos.
— Fikri ojizimcha, amir mahv etilgan taqdirda eng toʻgʻri yoʻl islom jumhuriyati barpo etmoqdir,— dedi Sabohiddin. — Xalqni faqat din ahligina toʻgʻri yoʻlga sola oladi. Faqat islomgina bandalarni badkorlik, insofsizlik, buzuqlikdan asrab qola oladi.

Sabohiddinning bu fikri oʻtga moy sepgandek boʻlib, Shoaziz bilan Salimxoʻja unga qarshi baxsga berildilar.
— Menga dedilarki, siz, muhtaram qori afandim, oʻtgan oydamikin, Turkiyadan qaytmish ekansiz. Undagi ahvolotni bizdan koʻra siz durust fahm etasiz. Bizim fikri ojizimizcha, qachondir qudrat kasb etgan turk sultonligi alhol tanazzulda emish. Axir bu damlarga qadar usmonli mamlakatni nechun din ahli tanazzuldan asrab qololmadi?
— Bu piching oʻrinsiz, taqsir, — dedi Sabohiddin.— Usmonli turk sultonlari, garchi oʻzlarini «xalifa» atasalar ham, dinda beqaror, iymonda zaif edilar.
— Qorijon, turk ulugʻlariga nisbatan qattiq ketmadingizmi? — dedi Salimxoʻja, bahs ohangini yumshatish bahonasida. — Turkiyaga safar etmogʻingizdan avval fikringiz oʻzgacha edi. Usmonlilar uchun jon bermoqqa tayyor edingiz?
— Haq rost, — Sabohiddin shunday deb, aybiga iqror odam kabi bosh egib, sukut saqladi. Davradagilar undan javob kutishsa-da, shoshilishmadi, boshqa luqma tashlashmadi. Sabohiddin javob qaytarmoqqa majburiyat sezib, asta bosh koʻtardi-da, Salimxoʻjaga qaradi: — Taqsir, sulton boshqa, xalifa boshqa. Ikkovi bir vujudga jo boʻlolmaydi. Ularning inqirozi sababini shu holatdan izlamoq joiz. Mamlakatning xarobligi esa Anvar poshsho, Tal’at poshsho, Jamol poshsho, yana allaqancha poshsho-poshsholarning nojoʻya sa’y-harakatlari tufaylidir.
— Shuni bilganingiz holda Chanoqqal’ada qoʻlingizga qurol oldingizmi?
— Chanoqqal’a oʻzga bir mas’aladir, taqsir. Unda uch yuz mingdan oshiq moʻ’min shahid boʻldi. Shahidlarning ruhi hurmati bu voqea xususinda bilmay turib bir soʻz aytmang. Unda Ollohning moʻ’jizalariga na-da biz, balkim gʻayridin gʻanimlar ham imon keltirdilar. Gʻoliblik sharafi bizlarga nasib etdi.

«Moʻjiza» soʻzini eshitib, Salimxoʻja Sabohiddinga bir qarab oldi. Sabohiddin safardan qaytgan kezlari koʻrganlarini bayon qila turib, oʻzining ham, boshqalarning ham aqlini lol qoldirgan bir moʻ’jizani aytgan edi.

Chanoqqal’a boʻgʻoziga egalik qilish niyatidagi ingliz va farangilar dunyoning turli mamlakatlaridan askarlar jalb etganlarida Sabohiddinga oʻxshagan yoshlar uning himoyasiga otlangan edilar. Aslida Sabohiddin shahidlik martabasi orzusida borgandi. Ammo uni kofir oʻqi olmadi. Uch yuz ming shahidga nasib etgan baxt unga berilmadi. U soʻnggi jangda shahid qoni ila tuproqni bezamogʻiga ishongan edi. Ular toʻrttagina qolgan edilar. Ortlarida tik jarlik — toʻrt terak boʻyi pastlikdagi qoyalarga dengiz mavjlari uriladi. Boʻgʻozga suqilib kira olgan kemadan tushgan sanoqsiz askarlar ularni shu yerga qadar siqib keldilar. Sabohiddin birodarlari bilan oʻlimni kutmoqqa shay turganida bir bulut parchasi paydo boʻldi. Asriy archalar bilan burkangan Chanoqqal’a1da bulut parchalarining suzib yurishi tasodifiy hol ham, moʻ’jiza ham emasdi. Ammo mana shunisi moʻ’jiza koʻrsatib ketdi: pala-partish oʻq otib, asta-asta siljib kelayotgan gʻanimlar ustiga bulut bostirib keldi-yu, oʻq ovozlari tindi. Soʻng bulut tezgina tarqaldi. Askarlar esa izsiz yoʻqoldilar. Bu holatdan Sabohiddin va uning birodarlari qanchalik ajablansalar, kemadan turib kuzatayotgan inglizlarning taajjublari ularnikidan kam emasdi. Sabohiddin va uning birodarlari ham taajjub, ham hadik bilan, tinmay kalima keltirganlari holda, hozirgina askarlarga toʻlib turgan maydonni bosib oʻtdilar. Bir qurolmi yoki bir kiyim qoldigʻinimi uchratishmagach, ilohiy moʻ’jizaga iymon keltirib, yon choʻqqidagi birodarlariga qoʻshildilar. Oʻsha kuni boshqa jang boʻlmadi. Kemadan gʻanimning yana yuzga yaqin askari tushdi, ammo jangga kirishmadi. Sheriklari yoʻqolgan maydonda biron izga duch kelish ilinjida anchagacha izgʻib yurdilar. Keyin kemaga qaytdilar...

Bu voqea suhbatga aralashmay oʻtirgan Tabib afandi qiyofasidagi Rhaqga ham ma’lum edi. Shu bois u ham, xuddi Sabohiddin singari Salimxoʻjadan biron luqma kutgan edi, Biroq, soʻz Shoaziz tomonidan aytildi:
— Qorijon afandi, shahidlik Olloh yoʻlidagi jangda boʻlguvchi edi, sizning ishtirok etganingiz tarafkashlik urushi emasmi?

Sabohiddin unga burgutqarash qildi:
— Bilmasangiz soʻzlamangiz, — dedi u.
— Bilib soʻzlayman men, — dedi Shoaziz qaysarlik bilan. Turkiya ila Olmoniya bir taraf, Ingliston, Farangiston ila Rusiya yana bir taraf boʻlib urushganlaridan Olloh yoʻlida, Olloh rizoligida ne manfaat bor?

Sabohiddin bular bilan Chanoqqal’a muxorabasi haqida bahs yuritmoqni lozim topmadi.
— Taqsir, agar Chanoqqal’adagi holatlarni uzoqdan boʻlsa-da, kuzatganingizda ham kamina sizga tushuntirmoqqa urinib koʻrar edim. Siz bilan kaminaning bu mas’aladagi bahsi koʻr va garangning aytishuviga oʻxshab qolar. Yaxshisi kamina dastlabki soʻraganingiz mas’ala xususidagi fikrimni ochiqroq bayon etay. Siz undagi yosh turklar harakatiga havas etib, bunda «Yosh buxoroliklar» jamoasini tuzibsiz. Fikri ojizimcha, jumhuriyat tartib etilmish taqdirda uni shu jamoa boshqarmoq istaydi. Axir Turkiyani siz havas qilganingiz yosh turklar jamoasi xaroblik jariga keltirib qoʻygani chin-ku? Bunda ham shu takror boʻlmasmi ekan?

Sabohiddinning bu gaplaridan soʻng, davra ahli sharsharaning sovuq suvi ostiga yalangʻoch tarzda tushib qolganday bir seskanib olishdi. Hozirgina ayri fikrda turganlar endi yakdil boʻldilar. Sabohiddin ularning fikru dalillarini indamay eshitar, keyin Qur’ondan oyatlar keltirib, oʻz fikrini ma’qullardi, aytganidan chekinishni istamasdi. Rhaq bahsga berilgan yoshlarga zehn solib, faqat Salimxoʻja bilan Sabohiddingina oʻz maslagiga chinakam sodiq ekanini bilib oʻtirardi. Shoaziz bugun Turkiy jumhuriyat, deb talashayotgan boʻlsa-da, ertaga vaziyatga qarab fikridan qaytishi, xalq jumhuriyatini ham, hatto islom jumhuriyatini ham qoʻllashi mumkin edi. Rhaq tangliklarga xos, keyin boʻladigan voqealarni oldidan sezish xislati bilan dastlab Salimxoʻja tutgan yoʻl gʻolib kelishini bilardi. Hali Sabohiddinning oʻz maslagi yoʻlida koʻp azob chekishi ham unga ma’lum edi. Mashaqqatlar Sabohiddinni yoʻlidan qaytara oladimi, yoʻqmi? Rhaq faqat shuni aytishga ojiz edi.

Aksiga olib, Sabohiddin keyingi bahslarga kelmadi. Rhaq muammosiga javob topish uchun uni madrasaga yoʻqlab borib, suhbat quradigan boʻldi. Rhaqning Sabohiddin bilan qiziqayotganini sezgan Lukn oʻzboshimchalik bilan uning miyasiga biotok uzatgich oʻrnatdi. Rhaq buni bilib gʻoyat gʻazablandi. Biroq, dardini ichiga yutib, indamadi. Chunki Tangda Luknning zimmasiga shunday vazifa yuklangan, u bunday qilishga haqli edi.

Rhaq mana shu gaplarning hammasini Fidga aytdi. Fid uni diqqat bilan tingladi-yu, joʻyali bir fikr bildirmadi. Ertaga Oliy donishmandlar markazi Rhaqning hisobotini eshitajagini ma’lum qilib, uni oromgohga boshladi.

Begona

Rhaq Tangga qaytar chogʻida yaqinlari bilan koʻrishish onlarini, ular bilan qanday muomala qilishini koʻp oʻylagan edi. Shubhasiz, yoru doʻstlarining ayrimlari hayotdan koʻz yumgan, boshqalarining esa yoshi ulgʻaygan, hayotiy tajribalari oshgan, dunyoqarashlari ham qisman (balki butkul!) oʻzgargan boʻladi. Sirdosh begonaga, hamfikr esa gʻoyaviy muxolifga aylansa ajab emas. Yurtdan uzoqlarda yurish uni ham jismoniy, ham ruhiy jihatdan holdan toydirdi. Lekin koinotdagi vaqt oqimi Tangdagi singari boʻlmagani uchun yillarning oʻtgani, yoshi ulgʻaygani yuzida aks etmadi.

Tibbiy kuzatuv muddati tugab, hisob bergach, u yurtdoshlari bilan muloqotda boʻldi. Kutilmagan voqealar, gap-soʻzlarni eshitib ham quvonish, ham gʻazablanish, ham hayratlanish asnosida nima uchundir begonasiray boshladi. Oʻgʻli birinchi uchrashuvdayoq, otasining taassurotlarini eshitib, uni keraksiz hissiyotga berilishda ayblashdan toymadi. Hech narsani bilmagan holda, soʻrab-surishtirmay turib, uni jamiyatga zarar keltiruvchi donishmandlar qatorida tilga oldi. Oʻz farzandidan bunday aybnomani eshitishni Rhaq sira kutmagan edi. Yoshlar voqeaga nisbatan havoyi baho berishar ekan, xafa boʻlishi kerak emas. Axir hamma ayb oʻzlarida — katta avlodda-ku?!

Xotini qaribdi, yuzlarini ajin bosibdi. Ayriliqning har yili chehrasiga bittadan chiziq tortgan. Tez-tez xastalanadi. Yuragi bezovta. Sogʻinch otashidan ajralib chiqqan har bir xoʻrsinish choʻqqa aylanib yurakka dogʻ boʻlib tushgan. Xullas, kampirga aylanayozgan xotinining umri kiprigiga ilinib qolgan edi.

Rhaq uyiga ham sigʻmadi. Suhbatdosh yoʻq. Dardkash yoʻq. Xotini esa... U Yerda yurganida xotini, farzandiga talpingan edi. Yetishdi. Nimadan norozi?! Nima uchun hamma, hatto xotini ham begonaga oʻxshaydi?

Oʻgʻli uylanibdi. Ammo haligacha farzand koʻrmabdi. Rhaq bundan taajjublandi.
— Meni nevaralarim ham kutib olsa kerak deb oʻylovdim, — dedi u oila a’zolari jam boʻlgan mahalda.
— Nima demoqchi boʻlayotganingizga tushundim, — dedi oʻgʻli Rhaqqa yoqmaydigan bir ohangda. — Sizni befarzandligimiz qiziqtirsa kerak?
— Ha, albatta. Turmush qurishning ma’nosi...
— Siz tez eskirish bobida falsafaning birinchi oʻrinda turajagini unutibsiz, chogʻi. Turmush qurishning hech qanday ma’nosi qolmagan hozir. Tabiiy zarurat tufayligina turmush quriladi.
— Sen kabi «donishmandlar» toʻqigan falsafa eskirishi mumkin, ammo hayot falsafasi unday emas. Hayot soʻnmasligi uchun nasl qoldiriladi. Tushunyapsanmi, hayot davom etishi uchun! — Rhaq keyingi gaplarni chertib-chertib gapirdi. — Sening gaplaring — xudbinlik falsafasi!

Oʻgʻil otasini endi koʻrayotganday tikilib qoldi. Koʻzlar uchrashgach, miyigʻida kuldi.
— Xudbinlar falsafasi, dedingizmi?! — U oʻrnidan turib deraza tomon yurdi. Zauraning oʻtli tigʻini toʻsuvchi koʻkish pardani koʻtardi. Xona yorishib ketdi. Derazani ham ochdi. — Bir qarang, atrof qanday goʻzal!— dedi u piching aralash. — Zaura saxiylik bilan nur sochadi. Toʻyib-toʻyib nafas olish qanday rohat! Tuproq unumdor — qurigan choʻp tushsa ham koʻkaradi!

Rhaqning xotini koʻkragini ushlab yoʻtala boshladi. Oʻgʻil darhol derazani yopib, pardani tushirdi. Onasi tinchlangach, gapini davom ettirdi:
— Koʻrdingizmi? Yaxshi hamki, baxtimizga oddiy parda bilan sun’iy havo bor... Men farzandlarimga shularni ravo koʻrishim kerakmi? Ular tugʻilib qancha yashaydilar? Biz — oʻzimiz qancha yashaymiz? Sun’iy havo, sun’iy taomlar bilan yana necha yil hayot kechirish mumkin? Bevaqt oʻlim soya tashlab turgan bir paytda bola topish — jinoyat. Buni biz — yangi avlod toʻgʻri tushunib yetdik
— Siz, ya’ni «yangi avlod», nihoyatda tushkunlikka berilibsiz. Kurashmoqdan chekinishni afzal bilibsiz. Biz yuksalish uchun ishlamogʻimiz, ishlash uchun yuksalmogʻimiz kerak! — Rhaq oʻzi suymaydigan shiorini aytib yuborgani uchun ich-ichidan gʻijindi. Biroq, sir boy bermadi.
— Kurashmoq... Qanday kurashni nazarda tutyapsiz?— dedi oʻgʻil asabiylashib. — Kurashdan foyda bormi? Biz eng baxtiqaro avlodmiz. Bizga qoqsuyak sayyorani ravo koʻryapsizlar. Biz uni saqlab qola olamizmi-yoʻqmi, bilmayman. Qoldirishga arzirli merosimiz boʻlmagani uchun ham farzand koʻrishni istamaymiz. Sizning xudbinlik haqidagi gapingizni quruq safsataga yoʻyishga majburman. Afv eting. Siz uzoq vaqt bu hayotdan ajralib yashadingiz. Koʻp narsalar oʻzgardi. Shularni hisobga oling, behuda bahslashishni bas qiling. Oʻgʻil sifatida ogohlantirib qoʻyishim lozim edi. Buni bajardim.

Darhaqiqat, koʻp narsalar oʻzgargan, hatto ota-oʻgʻil oʻrtasidagi muomala ham boshqacha. Rhaq bu xil munosabatga koʻnika olmas edi.

Zambarakni tepalikka sudrab chiqish mumkin. Ammo u bexos qoʻyib yuborilsa, hech toʻxtatib boʻlmaydi: yoʻlida uchragan narsani bosib-yanchib ketaveradi. Tang taraqqiyoti xuddi shu zambarakka oʻxshaydi. Yaqindagina barcha ilm ahli zambarakni yuqoriga chiqarish bilan band edi. Barcha uni shunchaki bir tepalikka emas, balki oliy choʻqqiga koʻtarishga va shu yerda oʻq uzib, tabiat ustidan qozonilgan gʻalabani tezroq nishonlashga oshiqdi. Oʻq uzildi. Ular zambarakning oʻq uzganida silkinishi, soʻng pastga qarab shoʻngʻib ketishi mumkinligini bilardilar. Ammo zambarak gʻildiraklarini mahkam tutib turuvchi sim arqonlarga ishongandilar. Afsuski, sim arqon chirigan edi. Endi zambarak eng muqaddas fazilatlarni, faqat ongli mavjudotga xos mehr-muhabbat, oqibat kabi his-tuygʻularni bosib, yanchib borardi.

Rhaqdagi ruhiy oʻzgarishni sezgan tibbiyotchilar uni darhol orom olish uchun dengiz sohiliga yubordilar. Rhaq e’tiroz bildirmadi. Yerdagi dengiz mavjlarini sogʻingan edi. «Koʻnglim sal-pal taskin topar», deya umid qildi.

Dengiz sohilidagi bu shahar koʻrinishi ham boshqalari kabi sovuq, jonsiz. Oynaband binolar junjikib turganday, shovqindan esa zamin titrayotganday tuyuladi. Sohil odatdagiday gavjum emas. Dengiz toʻlqinlari avval qanday boʻlsa, hozir ham shunday qirgʻoqqa bosh qoʻyadi, katta-kichik xarsanglarga toʻsh uradi. Ammo uning shovullashi Yerdagi kabi yoqimli emas. Shiddati sezilmaydi. Goʻyo za’faron suv oʻlayotganday.

«Oʻlayotganday? Allaqachon oʻlib boʻlgan... — deb oʻyladi Rhaq dengizga horgʻin tikilib. — Bu suvda nima qoldi? Qoni soʻrib olindi. Suv emas, keraksiz suyuqlikka aylandi...»

Shahar sohilga qarab bostirib kelgan. Qirgʻoqdagi bahaybat inshootlar suvning qonini soʻrib oluvchi kanaga oʻxshaydi. Behad katta quvurlar ajdaho singari suvni hoʻplab shu inshootlarga yuboradi. Oʻnlab filtr, magnit maydonlari, elektr zaryadlari suv tarkibidagi temir, tuz, tillani ajratib oladi-da, boshqa quvurlar orqali jonsiz suyuqlikni dengizga qaytarib toʻkadi.

Rhaq sohilda uzoq turib qoldi. Qarashlari vazmin. Toliqqan koʻzlarini bir oz yumib, Yerdagi dengizlar, daryolarni eslamoqchi boʻldi. Osoyishta, salobat bilan oquvchi daryolar, qoʻsh kokil boʻlib ajrashgan, soʻng yana birlashgan irmoqlar orasida daraxtlarga koʻmilib turgan orolchalar, qoyalar bagʻridan shiddat bilan otilayotgan sharsharalar uning koʻz oldiga keldi. Qoʻyosh nurida tovlanayotgan zumrad tomchilar xuddi yuziga urilganday seskandi. Koʻzlarini ochdi: madorsiz dengiz qaltirab turibdi. Shu topda Rhaqning oyoqlari quvvatdan qolganday boʻldi. Nazarida bir qadam bosishga ham qurbi yetmaydi. Tomogʻi qaqragan. Yurak siqadi. Koʻngli ana shu jonsiz dengizning qattiq toʻlgʻanishini, osmonga sapchishini, soʻng ruhsiz shaharlar ustiga yopirilishini istadi. Nimadir boʻlishi kerak, nimadir... Bir me’yorda davom etuvchi silliq hayotga koʻnikolmayapti. Koʻnikolmayapti? Yer tabiati, yerliklar uning ruhini butkul oʻzgartirib yuborganmi? Nahotki, Yerdan olgan taassurotlari ongini zaharlab, oʻz yurtiga nisbatan bu qadar norozilik uygʻotsa? Yoʻq, yoʻq, u Tangdan butkul norozi emas. Faqat yerliklarning ayrim tuygʻularini yurtdoshlariga «yuqishi»ni xohlaydi. Dengizdan «soʻrib olingan» temir, tuz, tilla...kelgusida qayta eritilib, qayta milligrammlarga aylantirilib, suv tarkibiga qayta singdirilgani kabi, tangliklar unutib yuborgan tuygʻular yuz ochsa...

Hech boʻlmasa muhabbat uygʻonsa edi. Yigit qizni suyib-suyib erkalasa, qiz yigitga suyib-suyib boʻsa bersa... Mana shu sohilda shirin-shirin orzularga erk berib, tonglarni qarshilasa... Suyib-suyib turmush qurishsa, suyumli-suyumli farzandlar koʻrishsa...

Rhaq xoʻrsindi. Ajin bosa boshlagan keng peshonasini siladi. «Bu qiyin masala, — deb oʻyladi u. — Muhabbat uygʻonsa, nafrat ham paydo boʻladi. Keyin rashk bosh koʻtaradi. Yaxshilikka qoʻshilib yomonlik, mehrga qoʻshilib gʻazab, sadoqatga qoʻshilib xoinlik... kirib keladi. Yerdagi ziddiyatlarning hammasi Tangda ham hukmron boʻlib olsachi? Barcha shu ziddiyatlar orasida oʻralashib qolsachi? Chin muhabbati qaysi, soxtasi qaysiligini bilmay garangsib yurishsachi? Taraqqiyot nima boʻladi? Yoʻq, bizga nafratdan xoli muhabbat, xoinlikdan yiroq sadoqat, gʻazabsiz mehr, rashk oʻrniga ishonch... kerak. Faqat yorugʻ tuygʻular zarur! Bora-bora Yerda ham shunday boʻladi...»

Rhaq sohil boʻylab bir-ikki qadam bosdi. Oyoqlari ogʻirlashib qolganday, boshi aylanganday boʻlib toʻxtadi. Yerga tushib birinchi qadam qoʻyganda ham xuddi shu hol yuz bergan edi. Yerga taraqqiyoti behad yuqori boʻlgan sayyoraning vakili sifatida, gʻolib sifatida qadam qoʻygan edi. Iziga hissiz sayyoraning ruhi shikastlangan vakil holida, ma’naviy magʻlub holida qaytdi.

Tangda muhabbat uygʻonsa edi... Yerda yurganida koʻnglida tugʻilgan bu ilinji uning tinchini olgani uchun «Muhabbat hissini qanday uygʻotish mumkin?», «Tangliklar sevishga, sevilishga qodirmi?» degan jumboqqa oʻzicha javob izlar edi. Keyingi kunlar ichi: «Xoʻsh, oʻzing seva olasanmi?», «Muhabbat nimaligini bilasanmi?», «Yerliklar kabi muhabbat yoʻlida oʻzingni qurbon qila olasanmi?»... degan savollar girdobida qolgan edi. U xotini bilan oʻtgan damlarni, oʻgʻlining goʻdak chogʻlarini qayta-qayta eslar, oralaridagi munosabatlarda mehr boʻlgan-boʻlmaganini aniqlashga tirishardi. Muhabbat uygʻongan taqdirda munosabatlarning qanday oʻzgarishini chamalardi. Har qancha oʻylamasin, jumboqlarga har qancha javob izlamasin puch xayollardan nariga oʻta olmas edi.

«Yerliklarning tuygʻulari boʻlakcha edi!..»

Rhaq oʻz aqidasiga tobora mute boʻlib borardi. U ona sayyorasida emas, balki Yer bilan Tang orasidagi cheti-chegarasi yoʻq qorongʻi boʻshliqda muallaq yashardi. U dam oʻzi tugʻilgan sayyorasiga talpinardi, dam pokiza tuygʻulari tugʻilgan Yerga intilardi. Arosatda yurish uning qalbini tobora yemirardi.

U yolgʻiz edi. Shunda ulkan sayyorada yakka-yolgʻiz... Yolgʻizlik halokat bilan tugaydi. Uning qismati ham shumi? Taqdiriga nima yozigʻliq? Aqldan ozishmi? Tangga uchib kelar chogʻidagi xayoliy bahslarida Fid: «Oʻzingni oʻzing oʻldir», deb undagan edi...

Yoʻq! Shunday fikr oʻrmalashi bilan Rhaq sapchib tushardi. Badbin oʻylardan qutulish uchun xayolan Yerga qaytardi. Eng birinchi boʻlib... Nazira bilan uchrashardi. Har bir «uchrashuvdan» keyin: «Nima uchun Nazirani bu qadar koʻp eslayapman?» deb hayron boʻlardi. U hali bu eslashlar bejiz emasligidan, yuragida Naziraga nisbatan muhabbat borligidan bexabar edi. «Tangda muhabbat uygʻonsin» degani, yerliklar sevgisiga ixlos qoʻygani bilan, oʻzi muhabbat tuygʻusi qanday boʻlishini hali bilmas edi. Boʻlakcha ta’bir bilan aytilsa, muhabbat nimaligini aqlan bilardi, ammo bu dardni hali tanasida sinab koʻrmagan edi. Mana, bugun ham yolgʻizlik komidan qutulish uchun Yerga «qaytganda» Nazirani koʻrdi...
— Bugun chehrangizda gʻam borga oʻxshaydi?
— Dadam aytgandirlar?
— Aytdilar. Kuyov qulluq boʻlsin?
— ...
— Xoʻrsinyapsizmi?.. Pichirlab gʻazallar oʻqir edingiz? Esingizdami: Parishon holing oʻldim, soʻrmading holi parishonim,
Gʻamingdan darda dushdim, qilmading tadbiri darmonim,
Ne dersan, roʻzgorim boʻylami kechsun, goʻzal jonim,
Koʻzim, jonim, afandim, sevgilim, davlatli sultonim!
— Esimda... hazrat Fuzuliydan... Men... gʻazallarga ishonar edim. Men... yoʻq, aytolmayman. Tabib afandi, aytolmayman, aybsitmang.
— Chehrangizga parishonlik yarashmas ekan. Gʻam cheksangiz oʻzingizni dardga oldirib qoʻyasiz.
— Dardga?.. Dardga boʻyin berib boʻlganman.
— Dardga chalingan ekansiz, endi shifo lozim.
— Muolajangiz dadamni bizga qaytarib berdi. Umidimizni uzib qoʻygan edik... Umringiz uzoq boʻlsin. Tabib afandi... Lekin... Lekin... Siz dardimga shifo topa olmaysiz. Umidimning rishtalarini kesib qoʻyishdi. Men... tunlari yulduzlarga tikilib yotaman. Qanot chiqarib uchgim keladi. Oʻsha yulduzlarning birontasi Yerimizga oʻxshasa deyman. Sevishganlarning qanotlari qayrilmasa, deyman... Tabib afandi, siz dunyo kezgansiz, donishmandsiz, ayting, Xudo ne uchun bizga sevish baxtini ravo koʻrib, soʻng ayiradi?
— Savolingizga eng ulugʻ donishmandlar ham javob bera olishmagan.
— Gʻazallardagi faryodlarga endi fahmim yetyapti.

«Bechoraman, bedavoman, qanotlarim qayrilgan, umidim rishtalari kesib qoʻyilgan...»

Rhaq — Tabib afandi Naziraning otasidan xabar olgani kirib, yangilikni eshitgan, shundan soʻng qizning nima sababdan parishon boʻlib qolganini anglagan edi. Oʻsha kuni qiz unga roʻyxush bermadi, gaplashmadi. Umuman, Rhaq Nazira bilan kam suhbatlashgan. Qiz oʻzini undan olib qochardi. Rhaq Naziraning fikrlarini oʻqigani uchun ham qizning bir yigitga koʻngil qoʻyganini bilardi. Bilgani sababli qizni hadeb kuzatishdan oʻzini tiyardi.

Hozir dengiz sohilida, yolgʻizlikdan qutulish uchun Yerni eslagan chogʻida, Nazira bilan xayolan suhbatlashdi. Nazarida qiz oʻshanda unga — Tabib afandiga arzini aytganda xuddi shu zaylda soʻzlagan boʻlardi. Balki bir bayt ham oʻqirdi. Balki mana bu baytni: Nay kibi, har damki, bazmi vaslingni yod aylaram,
To nafas vordur quruq jismimda, faryod aylaram...
Keyin suygan yigitining dunyoda yagona ekanini, oʻsh suyuklisi qadar ba’mani, xushxulq, xushaxloq odam bu olam aro yoʻqligini aytardi. «Koʻngil qoʻyganim borligini dadamga ma’lum qiling, meni undan ayirmasinlar», derdi... Biroq Nazira unga arzi hol qilmadi. Dardini ichiga yutdi. Yerlik donishmandlar: «Yorugʻ olamda muhabbatdan kuchliroq narsa yoʻq», derdilar. Rhaq Naziraning iztirobini koʻrib, bu fikrning yanglish ekanini angladi... «Muhabbatdan ham qizlik iffati qudratliroq ekan», degan toʻxtamga keldi.

«Mening koʻngil qoʻyganim bor...» Birgina shu gapni aytish Naziraning taqdirini hal qilardi. U aytmadi, aytolmadi. Rhaq buni jaholat deb bilib, qizni ayblashni ham, bardoshiga tan berib, unga ixlos qoʻyishni ham bilmay garangsib yurdi. Oradan ancha vaqt oʻtgandan keyin ham tugal bir toʻxtamga kelolmadi.

Nazira qanot chiqarib, yulduzlarga uchmoqchi edi. Yulduzlardan biri shu Tang. Qiz bechora bu yerga kelib nimani koʻrardi? Qanot chiqarganiga ming pushaymon boʻlmasmidi?..

Rhaq chuqur uf tortdi-da, qoʻlni orqasiga qilganicha asta yura boshladi. Bir qulochli xarsang poyida sochilib yotgan baliq suyaklarini koʻrib engashdi. Keyin mavjlanib turgan dengizga qaradi. «Hali ham baliq bor ekan-da? Biz sun’iy havoga koʻnikdik. Tarkibida hech vaqo boʻlmagan suyuqlikda baliq qanday yasharkin?! Temir, tuz, oltin... Juda qimmatga tushyapti bu ashyolar. Oʻgʻlim haq... Biz ularga yalangʻoch sayyorani qoldiryapmiz. Hatto suvning ham qonini soʻrib oldik...»

Dengiz azob bilan toʻlgʻanadi. Ojiz toʻlqinlar Rhaqni la’natlaganday boʻladi. Dengizning alami bor. Qancha la’natlasa shuncha oz... U dengizdan koʻz uzib, sohildan uzoqlashdi.

Rhaq Tang markaziga qaytganida oqshom choʻkkan, ammo kunduzgi jaziramaning nafasi soʻnmagan edi. Sayyoraning umurtqasini qirsillatib yuborguday boʻlib turgan bahaybat binolar qizigan tandirdek qaynoq sel ufuradi. Qariyb bir-biriga yopishtirib qurilgan baland imoratlar orasidan shamol oʻtmaydi. Binolar dudli bulutlarga sanchilib turganday. Rhaq talaba ekanida qaysi bir me’mor: «Shaharni ham eniga, ham uzunasiga toʻgʻri chiziq boʻylab kesib oʻtuvchi ikki koʻcha boʻlishi zarur. Shunda yelvizak turib, havo almashinishi yaxshilanadi», degan taklifni oʻrtaga tashlagan edi. Bu gap barchaga ma’qul kelib, taklifni amalga oshirish choralari belgilangan, biroq gap gapligicha qolib ketavergan edi. Hozir koʻpchilik oʻsha taklifni eslamaydi ham.

Rhaq uyiga qaytganda oila a’zolari ovqatlanayotgan edi. U xotinidan hol-ahvol soʻragach, yuvinib keldi-da, toʻrga oʻtirdi. Oʻgʻliga bir qarashda uning ruhi tushkunligini sezdi.
— Nimaga ovqat yeyishlaringning mazasi yoʻq. Urishib qolmadinglarmi, ishqilib? — dedi u oʻgʻliga, noxushlikni koʻtarish uchun.
— Urishish uchun sabab boʻlishi kerak, — dedi oʻgʻil sovuqqina. — Bizda koʻpdan beri bunday sabab yoʻq.
— Shunday boʻlgani ma’qul.
— Noxushligimizni toʻgʻri payqabsiz. Bugun Mek oʻldi.
— Mek? Kim u?
— Eslashga urinmang. Siz uni tanimaysiz. U marhum doʻstimning oʻgʻli edi.
— Nimaga oʻlibdi? Kasal ekanmi?
— Ovqatingizni yeng, keyin aytib beraman.

Rhaq, ishtahasi boʻlmasa ham oʻzini majbur qilib ovqatlandi. Ogʻzini sochiq bilan artib oʻgʻliga: «Men tayyorman, gapingni boshlayver», deganday qaradi. Xotini bilan kelini oʻrnidan turib dasturxonni yigʻishtirishdi-da, qoʻshni xonaga chiqib ketishdi.
— Men Mekning otasini yaxshi bilardim, — deb gap boshladi oʻgʻil. — Biz birga ishlardik. U ehtiyotsizlik qilib oqqon kasaliga uchradi. Ayb oʻzida: kirma degan joyga kiribdi. Kasalni yashirib yurdi. Uylandi. Keyin xotini homilador boʻldi. Quvnoq edi... Tuppa-tuzuk ishlab yurib, bir kuni...oʻzini oʻzi oʻldirdi. Murdani tekshirib, kasalini aniqlashdi. Oʻlim haq ekanini bilib...
— Ojizlik!
— Yoʻq, ojizlik emas. U bari bir oʻlardi. Bolasini koʻrib oʻlishni istamagan.
— Ana shuning oʻzi...
— Iltimos, bahslashmaylik. Bari bir fikrlarimiz bir yerdan chiqmaydi. Odatda, haqiqatni yuzaga chiqarish uchun bahslashadilar. Men bunday haqiqatni koʻrmayapman. Gapimning davomini eshiting: xullas, bola tugʻildi. Men tez-tez Mekni yoʻqlab borardim. Juda nozik, kasalmand bola boʻldi. Ammo ziyrak, aqlli edi. Oʻqish-yozishni erta oʻrgandi. Bir kuni borsam, yotibdi. Meni koʻrib yigʻlab yubordi.
— Nimaga xafasan? — deb soʻradim.
— Kasal boʻlganlar oʻlar ekan, men koʻp kasal boʻlaman-ku, nima uchun oʻlmayman, — deydi.

«Kasallarning hammasi ham oʻlavermaydi. Seniki tuzaladigan kasal», deb yupatishga harakat qildim. Ovunishi qiyin boʻldi. «Menam oʻlishni istayman. Oʻlsam hamma yigʻlaydi, menga achinadi. Meni gapiradi», deydi. Orzusini qarang... Niyatiga yetdi. Bugun joni uzildi. Ammo oʻlimi uchun hech kimning qaygʻurmasligini bilmay ketdi...
— Sen-chi? Sen qaygʻuryapsan-ku?
— Qaygʻurishim kerak edi. Ammo muhit bunga yoʻl bermaydi. Men har bir hujayralarim bilan ishni, faqat ishni oʻylashim kerak. Oʻlganlar oʻlaveradi. Murdalarni esa dafn guruhi koʻmaveradi. Hatto... vaqti kelib onam... Axir, siz ham onangizni dafn etishda boʻlmagansiz-ku?!
— Gapni chalgʻitma. Bir goʻdak uchun masalani chuvalashtirish shart emas.
— Mek oʻldi. Uni sizning taraqqiyotingiz oʻldirdi!
— Taraqqiyotni biz boshlamaganmiz. Toʻxtatish ham qoʻlimizdan kelmaydi. Hadeb ta’na qilaverma. Qoʻlingdan kelsa, ana taraqqiyotga qarshi kurashib koʻr.
— Qoʻlingdan kelsa?.. Hm. Kelmaydi!.. Bir marta kurashmoqchi edik. Esingizdami? Endi... Oʻlimimni kutib oʻtirishdan oʻzga hech nima qoʻlimdan kelmaydi.

Rhaq hozir oʻgʻli bilan gaplashish befoydaligini bilib qoʻzgʻaldi. Xotini yotgan xonaga kirdi.

Xotini pinakka ketgan ekan, sharpa chiqarmay iziga qaytdi. Oʻgʻli qayoqqadir gʻoyib boʻlibdi. Rhaq nima qilarini bilmay xona boʻylab u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi.

Oʻgʻlining gaplarida jon bor. Rhaq oʻzi istamagan holda unga tanbeh berdi. Aslida Rhaqning oʻzi ham shunday fikrlardi. U jon-dilidan oʻgʻlini quvvatlagisi kelardi, lekin oqibat degan tushuncha farzandini tergashga majbur etardi. Rhaq oʻgʻlidagi yaxshi hislarning uygʻoq ekanidan xursand holda, uning kelajagini oʻylab qaygʻurardi. Tangning ma’naviy yuksalishida u biron-bir oʻzgarish koʻrgani yoʻq, shu sababli behad tashvishlanardi.

Ertaga haligi goʻdak dafn etiladi. Ammo bu bola uchun hech kim nola chekmaydi. Jonzotning qadri shuncha... Yerda esa butunlay boshqa edi. Odamlar hatto marhumning izidan qabrga kirishga ham rozi boʻladilar. Balki, bu ortiqcha hissiyotdir. Ammo, bari bir kuyinish yaxshi... Rhaq yumshoq, pastak kursiga yastanib oʻtirib, yerliklarni esladi. Xayoliga kuyunchak, ayni choqda, keskin, toʻgʻri yoʻlni fahmlay olmasdan qiynalayotgan Sabohiddin keldi.

Chorrahada Qolgan Mulla Yigit

Rhaq Luknni amir zindonidan olib chiqqach, Sabohiddinni shahar darvozasi yonida soʻnggi marta koʻrdi. Sabohiddin yurtiga — otashda qovurilayotgan Fargʻona vodiysiga qarab ketgandi. Hozir taqdiri nima boʻldi ekan? Balki Lukn oʻrnatgan biotok uzatgichlar ishlab turgandir, ma’lumot kelayotgandir. Ammo buni Rhaqqa bildirisharmikan?

Sabohiddin oʻsha bahsdan keyin Shoazizning xonadoniga qadam bosmay qoʻygan edi. Mezon ucha boshlagan pallada uning qoʻqqisdan kirib kelganini koʻrib, Rhaq— Tabib afandi taajjublandi. Oʻshanda Sabohiddin madrasada boʻlib oʻtgan gapni aytib berdi. Hammasi tunov kungi xufton namozidan soʻng boshlanibdi:

Namoz tugagach, mullavachchalar imomning harakatidagi xotirjamlikni koʻrib, va’z aytish niyati borligini fahmladilar. Bunday paytda deyarli va’z aytilmas, shu bois mullavachchalar bir oz ajablangan holda bu xufton imomatga oʻtgan mudarrisning soʻz boshlashini kutdilar.
— Ma’lumingizkim, Xudovandi karimning nazari tushgan jannatsifat Fargʻona viloyatida gʻayridinlar etagini tutgan murtadlar islom lashkarlariga ozor yetkazmoq qasdiga tushganlar. Kalimai shahodatga ham tili kelmay qolgan bu osiy bandalar, inshoolloh, Tangrining qahriga uchragaylar. Jannatdan shayton alayhila’nani quvib chiqargan, toʻliq hikmat va qudrati ila Odam Ato va Momo Havvoni yaratgan Haq taoloning rahm-shafqati beqiyos ulugʻdir. Qur’oni sharifning Xud surasida Tangrining marhamati shunday tavsif etiladi, — mudarris Qur’onni varaqladi.

Ammo unga qaramay soʻzini davom ettirdi:
— Nuh alayhissalom Ollohning istagi bilan oʻz qavmlariga yuborildilar. Va dedilarki: «Albatta men sizlar faqat Ollohgagina ibodat qilishingiz uchun kelgan xolis ogohlantiruvchiman. Ollohdan oʻzgaga ibodat qilmanglarkim, sizlarga alamli kun azobi boʻlishidan qoʻrqadirman». Nuh alayhissalomning asosiy vazifalari ogohlantirish edi. Paygʻambarliklarining mazmuni, gʻoyasi esa shunga monand — Ollohdan oʻzgaga ibodat qilmaslikka chorlamoq edi. U zot vazifalarini ado etdilar. Biroq, qalblari muhrlangan, hidoyatdan begona, kufrdagi zodagonlar «Sen ham oʻzimizga oʻxshagan odamsan, senga esi pastlar, yalangoyoqlar ergashyapti xalos», deb tuhmat qildilar. Nuh alayhissalom dedilarki: «Ey qavmim, men sizlarning taqdirlaringizni oʻylab kuyunyapman. Men sizlarning iymonli boʻlib, saodatga erishishingizni istayman xalos. Men bu paygʻambarlik xizmatim uchun sizlardan mol-dunyo soʻramayman. Menga boylikning zarurati yoʻq-dir. Mening ajrim faqat Ollohning zimmasidadir. Ajr-mukofotni Olloh beradi, siz bermaysiz, xavotirlanmang. Siz «Senga esi pastlar, yalangoyoqlar ergashyapti», deyapsizmi? Bilingkim, men iymon keltirganlarni sizlarga yoqish maqsadida yoki sizlarni rozi qilish uchun huzurimdan quvmasman. Men uchun boy-kambagʻal tengdir. Mezon — boylik emas, muhimi— iymon keltirmoqlikdir. Hamma gap iymonda! Yana bilingkim, ular men uchun iymon keltirgan emaslar. Ularning iymon keltirishlari Ollohga bogʻliqdir. Ular robbilariga roʻbaroʻ kelganlarida sharmanda boʻlmaylik, deb iymon keltirdilar». Nuh alayhissalom yana qavmlariga dedilarkim: «Men sizlarga «Huzurimda Ollohning xazinalari bor», demayman. Shu bois sizlarga boylik berolmayman. Gʻaybni ham bilmayman, «Men farishtaman» ham demayman». Afsuslarkim, iymonsizlar qalblari soʻqir boʻlgani sababli hidoyat yoʻlini koʻra olmadilar. Va Olloh oʻz paygʻambariga dedikim: «Ularning qilmishlaridan qaygʻuga tushmagin». Va vahiy qilindikim: «Qavmingdan hozirgacha iymon keltirganlaridan boshqa hech kim endi iymon keltirmas. Endi Bizning himoyamiz va vahiyimiz bilan kema yasagin hamda zulm qilganlar haqida Menga «Ularni ham asragin», deb xitob etma. Ular, albatta gʻarq boʻlguvchilardir». Vaqtiki yetib, Ollohning amri ila tannur favvora otganda, ya’nikim, Ollohning azobi— toʻfon kelganida buyurildikim: «Har, bir jonivordan bir juftdan ol, oila a’zolaringni olginu ahlingdan kimlarning gʻarq boʻlishi haqida Bizdan soʻz kechgan boʻlsa, ular mustasnodirlar. Kemaga faqat iymon keltirganlarni ol».

Nuh alayhissalom amrga itoat etdilar va dedilarkim: «Kemaga mininglar, uning suzishi ham, toʻxtashi ham Ollohning ismi ila boʻlur. Albatta Robbim kechirimli va rahmlidir.» Toʻfon dahshatli tus olganida kema togʻlardek kattalikda mavj urayotgan toʻlqinlar osha suzayotganida Nuh alayhissalom chetda turgan oʻgʻillarini koʻrdilar va dedilarkim: «Ey oʻgʻlim, biz bilan birga mingin, kofirlar bilan birga boʻlmagin.» Kishi kofir boʻlsa qiyin, u oʻzi koʻnikib qolgan tor doirada fikr yuritadi. Nodon oʻgʻil toʻfon dahshatini koʻra turib ham iymonga kelmadi, «Toqqa chiqib panoh topaman», dedi va gʻarq qilinganlardan boʻldi, — imom oyatlarni oʻqimay, oʻz tilida shu tarzda bayon qilib boʻlgach, mushafni yopdi. Bir oz muddat jim qoldi. Soʻng yana soʻzini davom ettirdi: — Fargʻona viloyatidagi gʻalayonlar shu tarixni eslatmaydimi? Toki iymonsizlar haq yoʻliga qaytmas ekanlar, Xudovandi karimning qiyomat yuborishi aniq. Siz bilan bizning burchimiz, nainki Olloh-taolodan bandalarning gunohini soʻrab, ibodat qilmoqlik, balki gunohkor bandalarni iymonga qaytarish hamdur. Tangrining marhamati bisyordir va haq yoʻlga qaytgan bandalarning gunohi afv etilgʻusidir...

Va’z tugadi. Garchi imom aniq maqsadni aytmagan boʻlsa-da, mullavachchalar bu ibratga faqat amal qilmay, har joyda targʻib etish lozim ekanligini anglab yetdilar.

Mudarris yigʻilganlarga ketish uchun izn berib: «Mulla Sabohiddin, siz picha turib hujramga kiring, ma’qulmi?» dedi. Sabohiddin: «Xoʻp boʻladi, taqsir», deb ta’zim qildi.

Hujrada Sabohiddin tanimaydigan yana ikki kishi bor edi. Sabohiddin katta salla oʻrab, zarrin toʻn kiygan bu zotlarga salom berib, ostonada ta’zim bilan turib qoldi.
— Beriroq keling, oʻgʻlim, tortinmang, — dedi hujra egasi. Soʻng mehmonlarga qaradi. — Fargʻona muzofotiga bormoqlikni ixtiyor etgan mulla Sabohiddin deganimiz shu yigit.
— Barakallo, — dedi toʻladan kelgan mehmon. — Hazratim sizning iqtidoringiz va e’tiqodingiz xususida koʻp maqtov gaplar aytdilar. Insha Olloh, sizning bu e’tiqodingiz oxiratda inobatga olinur.
— Insha Olloh.
— Oʻgʻlim, yarangiz azob bermay qoʻydimi? — deb soʻradi hujra egasi, ammo savolga javob kutmay, mehmonlarga qarab soʻzladi: — Falokatni qarangki, mulla Sabohiddin koʻchada ketar chogʻlarida boshlariga gʻoyibdan qirrali bir tosh kelib tushibdi. Xotirim chalgʻitmasa, biron oʻn kun shuning azobini tortdilar. Xudoning rahmi kelib, mulla Sabohiddinga insof egasi yoʻliqibdi. Yarani bogʻlab madrasamizga uzatib qoʻyibdi.

Bu gapni eshitib, Sabohiddin xavotirlandi. Chunki «insof egasi»ning minoraga tik chiqib tushganini u oʻz koʻzi bilan koʻrgan edi. Iblis qoʻlidan shifo topganini bu oliy zotlar bilishsami.... Yoʻq, xayriyat, suhbat mavzuiga qaraganda, ular bundan ogoh emas koʻrinadilar. Hatto «iblis» haqida soʻz yuritilganda ham Sabohiddinning yarasiga shama qilmadilar. Sabohiddin yengil tin oldi. Biroq, kutilmaganda boshqa zarbaga duchor boʻldi. Mehmonlardan biri choyni ichib, piyolani toʻntarib qoʻygach, unga murojaat qildi:
— Mulla Sabohiddin, bizni bir narsa taajjubga soldi: Margʻilon atrofidagi imonsizlar orasida Jamoliddin degan askarboshi bor emish. Oʻsha sizning akangiz emasmi?

Savol kutilmagan boʻlsa-da, Sabohiddin gangimadi. Xiyol bosh egib, soʻzlovchiga lutf bilan javob berdi:
— Taqsir, Ollohning bandalari orasida askarboshilar ham, Jamoliddin ismli odamlar ham koʻp. Men yaqin orada uydan xabar ololmadim. Akamning taqdirlari men uchun qorongʻu.
— Sizni Novqatdan deb aytdilar. Padari buzurgvoringizning ismlari Jalolliddin ekan, shundaymi?
— Haq gap, taqsir.
— U holda biz yanglishmabmiz. Oʻsha imonsiz — sizning akangiz!

Gapga mudarris aralashdi.
— Taqsir, har kim oʻz gunohi uchun Tangri oldida oʻzi javob beradi. Akalarining ayblari deb mulla Sabohiddinni xijolatga qoʻyish insofdan boʻlmas. Mulla Sabohiddinning gaplari chin: Chanoqqal’a muhorabasidan yaqinda qaytdilar. Bu orada ahli baytdan darak kelmadi.
— Mulla Sabohiddin akalarining gunohlari uchun mutlaqo izza chekmasinlar. Biz faqat farazimizning haq yo nohaqligini bilmoq istagida edik. Besh barmoq barobar emas. Bir pushtikamardan turli farzandlar bunyod boʻladi. Mana, mulla Sabohiddin moʻmin-qobil yigit ekanlar. Birov, shu yigitning akasi Oq poshsho zamonida odam oʻldirib, Sibir qilingan desa ishonib boʻlmaydi.
— Yo alhazar! — Mudarris yoqa ushladi. — Men bundan bexabar ekanman. Shu rostmi, oʻgʻlim?!
— Yoʻq.
— Inkor etyapsizmi?
— Ha, taqsir. Akam qon toʻkkan emaslar.

Ustoz-shogirdning soʻzlashuviga diqqat bilan quloq tutib oʻtirgan mehmonlardan yana biri istehzo bilan jilmaydi.
— U holda Ma’mur boyvachchaga kim pichoq urgan ekan, yo sizmi? — dedi u.
— Taqsir, siz mulla Sabohiddin bilan faqat tanishmoq niyatida edingiz?
— Ha, ha. Mulla Sabohiddin aytganingizday, qobil yigit ekanlar. Bizning boshqa soʻzimiz yoʻq. Shar’iy niyatlariga yetmoqliklarini Ollohdan soʻrab, duo qilamiz.
— Oʻgʻlim, siz boravering. Ertaga bomdoddan soʻng huzurimga yana bir kirasiz.

Sabohiddin ta’zim bilan chiqdi. U kutilmagan tanishuvning boisini anglay olmadi. «Ajab, maqsadlari faqat men bilan tanishishmi yo akam haqidagi farazlarini oydinlashtirishmi? Istaklari nima? «Ma’mur boyvachchaga kim pichoq urgan ekan, yo sizmi?» Nimaga bunday deb soʻradi? Nahot, Ma’mur boyvachcha voqeasi ular uchun oydin boʻlsa? Qaerdan bilishsin? Kim aytishi mumkin? Otammi? Yoʻq. Sultonmurod akami? Yoʻq... Axir qur’onni oʻpib turib qasam ichgan-ku? Yo surgun azoblari suyak-suyagidan oʻtib ketgan akam sirni ochdimi? Nahot? Boʻlmasa kim? Haqiqat shu uch kishidan boshqa hech kimga ayon emas. Hatto Ma’mur boyvachchaning oʻzi ham asl qotili kim ekanini bilmay dunyodan koʻz yumdi. Oradan shuncha yil oʻtdi. Dunyo algʻov-dalgʻov boʻlib ketdi. Shunaqa paytda Ma’mur boyvachchaning oʻldirilish voqeasi ularga nima uchun kerak boʻlib qoldi? Yo: «Bosgan har bir izingizdan boxabarmiz», deyishmoqchimi? Har holda, bir sir bor. Bu sir bomdoddan soʻng ochilsa ajab emas».

Sabohiddin shu xayollar ichida qoldi. Hujrasiga goʻyo Ma’mur boyvachcha kirib olganday, koʻziga uyqu ilinishi bilan bosinqirab turib ketaverdi. Bir safar u hujraga goʻsht koʻtarib kirdi. Goʻshtdagi qon tomchilari hali qotmagan. Boyvachchaning boʻgʻzi ham qon. «Ajab, — deb oʻyladi Sabohiddin, — boʻgʻzi nimaga qon? Pichoqni ikki kuragi oʻrtasiga urgan edim-ku?» Ma’mur boyvachcha goʻshtni Sabohiddinning dimogʻiga tutdi. Sabohiddin kalima keltirmoqchi boʻldi. Lekin tili aylanmadi.
— Kalimai shahodatingiz befoyda, — dedi boyvachcha.
— Nimaga keldingiz, keting, — dedi Sabohiddin.
— Men sizga goʻsht olib keldim.
— Xom goʻshtning xosiyati yoʻq. Tezda keting!
— Men haqiqatni bilishim kerak.
— Qanday haqiqat?
— Meni kim oʻldirdi?
— ...
— Indamaysizmi? Meni siz oʻldirgansiz!
— ...
— Siz nomardsiz! Pichoqni orqadan kelib urdingiz. Yuzma-yuz kelishga botina olmadingiz.
— Men yosh edim...
— Yosh odam qoʻrqoq boʻladi, deb kim aytdi?
— Alamim ichimda.
— Musulmonning qoni musulmon uchun harom ekanini bilmasmidingiz? Meni nima uchun oʻldirdingiz? Sizga nima gunoh qilib edim?
— Siz oilamiz nomusini bulgʻadingiz.
— Men-a?
— Ha, siz! Yangamni buzuq yoʻlga boshladingiz.
— Xudo shohid, men begunohman. Sojidani nikohlab olganman.
— Undan avvalroq-chi? Yangamga nomahram boʻla turib, u bilan qoʻshilganingiz rostmi?
— ...
— Indamayapsizmi? Demak, sizni oʻldirib savob qilgan ekanman.
— Koʻz suzgan gʻunajinni jazolamay, arqon uzgan buqachani qatl etish shariatda savob sanaladimi?
— Agar u buqacha chinakam hayvon boʻlsa — gunoh. Ammo odam boʻlsa — zinokorni oʻldirish savob.
— Men sizga goʻsht keltirdim. Oling.
— Tez keting... Ustimdan bosmang! Keting deyapman!
— Men sizni yonimga chaqiraman...

Sabohiddinning nafasi boʻgʻildi. Baqirib yubordi. Oʻz ovozidan oʻzi choʻchib, yana turib ketdi. Chap tomoniga qarab tupurdi. Soʻng kalima keltirdi. Soʻng bunga ham qanoat qilmay humdan bir siqim guruch olib tashqariga chiqdi. Yulduzlar xira tortib, ufq boʻzaray deb qolgan edi. U guruchni tomga sochdi. Xujrasiga qaytib kirishga yuragi betlamadi.

Bomdoddan soʻng yana mudarris huzuriga yoʻl oldi.
— Keling, oʻgʻlim, qani oʻltiring. Kechagi gaplarni koʻnglingizga olmang. Siz xafa qilish niyatlari yoʻq edi... Ruhingiz choʻkibroq turibdi... Yo chindan...
— Yoʻq, taqsir, ularning soʻzlari zarracha ogʻir botmadi. Ruhsizligim boisi... birodarlar bilan suhbatga berilib, uyquni andak kanda qilibmiz chogʻi...— Sabohiddin irim qilib, koʻrgan tushini aytmadi. Mudarris uning botiq koʻzlariga qarab yolgʻon gapirayotganini anglasa-da, sir boy bermay, tasbeh oʻgirganicha duo oʻqidi.
— Ishqilib, Olloh jumla dardmandlarning dardlariga davo berib, shular qatorida birodarimiz Sultonmurodga ham shifoi komil ato etsin, — dedi bir oz ovozini koʻtarib.
— Taqsirimdan xabar bormi?
— Ha, u kishini betob deb eshitdik, — mudarris bu yangilikni e’tiborsiz xabarday aytib, soʻng gap mavzuini butunlay oʻzga yoqqa burdi: — Sizning Chanoqqal’a muhorabasiga borganingiz faqat jasorat emas, iymoningiz kuchidan bir nishonadir. Fargʻonaga qaytmoqqa qasd etganingiz bu kuch, Ollohning marhamati ila, yanada qudrat kasb etganini ayon qildi. Biz bunda kengashib, sizga izn bermoqlikni lozim topdik. Xatmi kutubingiz yaqin edi. Siz ayni choqda fotiha olmoqqa loyiqsiz. Siz Xudo ato etgan qobiliyatingiz bilan oʻzga mullavachchalardan ajralib turardingiz. Endi volidayn quchogʻiga borib, Haq yoʻldan qaytgan bandalarni insofga keltirish bilan mashgʻul boʻlishingiz vaqti yetdi. Men sizni bu xabardan ogoh etib qoʻymoqchi edim. Ha, darvoqe, kechagi muhtaram zotlar agar malol kelmasa, sizdan bir duoyi salom berib yubormoqchi ekanlar. Oʻshal nomani Margʻilonga tashlab oʻtarmikinlar, degan oʻtinchda iltimos qilishdi.
— Nimaga malol kelsin, bosh ustiga, taqsir. Sizning xohishingiz men uchun amri vojib.
— Borakallo, oʻgʻlim. Endi boring, yoʻl hozirligini koʻravering.

Sabohiddin yana muammolar chohiga tushdi. Sultonmurodning eslanishi uni taajjubga soldi. Kechagi odamlarning qotil haqidagi gaplari bilan mudarrisning duosida bogʻliqlik borday tuyuldi. Biroq, bu ilmoqli gaplardan maqsad ne ekanini anglay olmadi. Sultonmurodning betobligini aytish bilan safar tadorigini tezlashga undadimi? Busiz ham uchmoqqa qanot chiqarib shay turibdi-ku? Fargʻonaga bormoq niyatini oʻzi aytdi-ku?.. Sabohiddin imom huzurida qarzdor. Avvalambor Sabohiddinga alifni oʻrgatgan odam — shu imom. Qolaversa, oʻsha mudhish kechada, Ma’mur boyvachchaga pichoq sanchgan onida voqeaga xuddi shu odam guvoh boʻlgan.

...Koʻcha kimsasiz va qorongʻi edi. Ma’mur boyvachcha xirgoyi qilib borardi. Sabohiddin pisib kelib unga pichoq urdi-yu, orqasiga qarab qochdi. Oʻn qadam tashlamay, bir odamga urildi. Bu odamni maktabdor ustozi Sultonmurod ekanini keyinroq bildi. Sharafli Buxoroga kelishiga ham shu odam sababchi. Qaytish onida ham uning nomi tilga olinyapti. Ishqilib, oxiri baxayr boʻlsin.

...Sabohiddin ketish sababini Tabib afandiga mujmallik bilan aytib, boshini quyi soldi. Shubhasiz, u Ma’mur boyvachcha voqeasini yashirdi. Biroq, odamlar fikrini oʻqiy oladigan Rhaq uchun bu voqea qorongʻiligicha qolmadi. Bundan butkul bexabar Sabohiddin safar vaqti-soati oʻzi kutganidan ham ancha ilgari kelganini, tongda Buxoroni tark etajagini bildirdi. Aftidan, u Salimxoʻjani izlab kelgan. Bahonada Tabib afandi bilan xoʻshlashmoqchi edi. Rhaq buni sezib, oqshomga qadar Salimxoʻjani daraklab topajagini, soʻng birgalashib madrasaga oʻtajagini aytdi. Sabohiddin qulluq qilib chiqib ketgach, Rhaq uydagi buyumlarini saranjomladi. Chunki u ham ertaga Tang sari uchishi kerak. Lukn minoraga tik chiqib tushgach, ularning qaytishlari tezlashdi. Rhaq uyqudagi Luknni sahro qoʻynidagi moʻ’jaz kemaga qoʻyib kelib, oʻzi Yerdagi ishlarni yakunlashga shoshilardi. Baxtiga kun oyoqlamay turib, uyiga Salimxoʻjaning oʻzi kirib keldi. Rhaq unga boʻlgan voqeani qisqa bayon etgach, Shoazizning kelishini kutmay, ikkovlashib Sabohiddin tahsil koʻrayotgan madrasa sari yoʻl olishdi.

Safar tadorigini koʻrayotgan Sabohiddin hujra eshigi oldida Salimxoʻja bilan Tabib afandini koʻrib gʻoyat quvondi. Salimxoʻja bilan Sabohiddinning olti yillik qadrdonligi bor. Buxoro tuprogʻiga ilk qadam bosgan chogʻida orttirgan birinchi oshnasi — shu Salimxoʻja. Sabohiddin dastlab jinkoʻchalarda gangib, adashib qolganida Salimxoʻja joniga ora kirgan edi. Sabohiddin xiyla badavlat oilaga mansub bu mulla yigitning madrasada emas, Peterburgda tahsil olib qaytganini keyinroq bildi. Uni ba’zi zamonaviy ilmlardan, yuzaki tarzda boʻlsa-da, Salimxoʻja ogoh qildi. Aslida, Salimxoʻja Sabohiddinni shunchaki emas, balki ilmning oʻzagiga qadar oshna etishi mumkin edi. Biroq, Buxoro madrasasining talabasi «shayton isi anqib turgan bu ilmlar» haqida soʻz ochilishini ham istamasdi. Olti yil badalida na u, na bu bir-birovining aqidasini ma’qulladi. Ammo, har biri oʻzicha toʻgʻri deb ishongan haqiqat yuzasidan toza koʻngil, chuqur mulohaza bilan fikr yuritgani uchun ham yillar hatlasa-da, doʻstlik iplari uzilmadi. Salimxoʻja uni Chanoqqal’a safaridan qaytarishga urindi, bir necha bor «Yosh buxoroliklar» deb atalmish guruh suhbatiga ham tortdi. Ammo bu yigitlarning aksari Sabohiddinga maqbul kelmadi. Chunki ular Salimxoʻjaning butkul aksi, chuqur mulohaza yuritmay, joʻshib ketishar, hatto ahli joh, ahli dinga qarshi soʻz aytishdan ham qaytmas edilar. Ahli donishdagi «Aytgan soʻzim— hojam, aytmaganim — qulim», degan hikmatga amal qiluvchi Sabohiddin esa tilni besuyak biluvchilardan oʻzini nari tutardi.

Buxoro ahli ichida Sabohiddin uchun yagona chin doʻst hisoblangan Salimxoʻja takalluf kutmayoq ichkari kirib, bir qavat yakandoz ustida chordana qurdi. Rhaq uning yonidan joy oldi. Sabohiddin doʻstining kelishiga intiq edi. Mehmon sharafiga dasturxon tuzashga chogʻlanganida Salimxoʻja ruxsat bermadi. Bilagidan tutib, yonidan joy koʻrsatdi. Sabohiddin poygakroqda, mehmonlarga yuzma-yuz oʻtirdi.
— Nazarimda xatmi kutubga picha vaqt bor edi. Qaytishga chogʻlanganingizdan xabar topib ajablandim? — dedi Salimxoʻja unga savol nazari bilan tikilib, — yana vujudingizdagi mujohidlik qoni joʻsh urdimi?
— Oʻt tushgan onda kimdir oʻchirmoqqa jazm qilmogʻi lozimmi? Yo sizning birodarlaringiz kabi oʻt oʻchirmoqning qay usuli ma’qul, deb fikr talashib oʻtirmoq joizmi? — Men diydor qiyomatga qolmasa degan xadikda edim. Aybga buyurmang, ammo xoʻshlashgani kelganingiz holda meni soʻroqqa tutishingizga aqlim yetmay qoldi.
— Uzrliman, mulla, aybsitmang. Sizni soʻroqqa tutish niyatim yoʻq edi. Faqat bemavrid ketishingizni mulohaza qilib, men boʻlakcha xulosaga kelib edim.
— Qanday?
— Fargʻona viloyatidagi afsusga loyiq voqealar haqida siz bilan koʻp bahs yuritgan edik. Viloyatga qadalgan ikki koʻzdan biri sarmoyadorlarniki, yana biri gʻayridin inglizniki deganimda, fikrimni bir qadar ma’qullagan edingiz?
— Hali fikrimni oʻzgartirganimcha yoʻq.
— Borakallo. «Islom lashkarlari» deganingiz chin xaloskor emas, sarhad tashqarisidagi begonalar qoʻlida qoʻgʻirchoq ekanini ham ma’qullab edingiz?
— Butunicha emas. Islom lashkarlari hozircha ulardan koʻmak oladilar keyin...
— Keyin... Bugungi koʻmak iplari ertaga tobe boʻyindagi zanjirga aylanajak.
— Ochigʻini aytsam... fikrim ojizlik qilib qolyapti. Bir tomoni inglis, yana bir tomoni oʻrus...
— Siz shu tobga qadar oʻzganing tuziga non botirmagansiz. Mehnat bilan ulgʻaygansiz. Mehnat ahliga qayishing, deyman.
— Bundan boʻlakcharoq niyatim ham yoʻq.
— Mulla, haq yoʻldan adashmasangiz bas.
— Haq yoʻlni... haq yoʻlni farqlayman, insha Olloh!
— Aybsitmang Mulla, gaplarim bir oz achchiq boʻladi: Siz hozir koʻzingiz yumuq holda chorrahada turibsiz. Fikrim ojiz, deb oʻzingiz aytdingiz. Men sizning islom lashkarlari tomonga oʻtib, ingliz harbiylarining qoʻgʻirchogʻiga aylanishingizdan qoʻrqa-man.
— Xudo saqlasin! Asti unday emas. Niyatim — faqat yurtga osoyishtalik, farogʻat tilamoq.
— Niyatingiz yoʻldoshingiz boʻlsin. Ammo soʻzlarimni nazardan forigʻ etmang.
— Saharmardonda Buxoroni tashlab chiqaman. Bundan buyon Xudo xohlasa, yana koʻrisharmiz. Buguncha dunyo ishlarini qoʻya turib, bahsga berilmaylik. Boshqa gaplardan gaplashaylik.

Salimxoʻja ma’qul ishorasini qildi. Onda-sonda Rhaqni ham suhbatga chorlashdi. Ammo soʻz aylanib yana Fargʻona viloyatiga borib taqalaverdi. Salimxoʻja Sabohiddinning ikki oʻt orasida qolib azoblanayotganini sezib, suhbatni bas qildi. Saharda yana kelajagini aytib, xayrlashdi.

Sabohiddin uni bomdoddan soʻng ancha kutdi. Kelavermagach, noiloj yoʻlga chiqdi. Jinkoʻchalarni oralab borayotgan Sabohiddinning yuragi goʻyo uzilib tushdi. Shahar darvozasiga yetganda Tabib afandini koʻrganidan keyin chehrasi bir oz yorishdi. Ammo yuzidagi xavotir koʻlankasi yoʻqolmadi. Rhaq Salimxoʻjaning bu tun amir sarbozlari tomonidan hibsga olinganini aytgach, Sabohiddin birdan kichrayib choʻkib qolganday boʻldi. Keyin bir qarorga kelib, shahar tomonga yuz burdi. Rhaq uning maqsadini anglab yoʻlini toʻsdi.
— Qayoqqa? — dedi u Sabohiddinni yelkasidan ushlab. — Borganingiz bilan qoʻlingizdan nima keladi? Zindonda birga oʻtirib, bahslaringizni davom ettirasizmi... Orqaga qaytishning xosiyati yoʻq. Siz boravering. Salimxoʻja haqida oʻzimiz qaygʻuramiz...

Sabohiddin Tabib afandining yelkasiga bosh qoʻyib, turib qoldi. Keyin qoʻl olishib xayrlashdi-da, behol yurib ketdi...

Rhaq ezilgan koʻyi bir-bir bosib ketayotgan Sabohiddinni, oʻzgalardan zehni bilan farqlanib turuvchi Salimxoʻjani eslab yuragi ezildi. Aslida oʻshanda Salimxoʻjani zindondan chiqarib, Sabohiddinni yoʻldan qaytarsa boʻlarkan. Haqiqatni eshitib, bir oz sarosimaga berilsalar ham, ishonishardi. Ularning boshiga yana qanday tashvish tushdi ekan? Yerda Tang koʻrsatmalarini buzmay ishlagani uchun Rhaq yana bir afsuslandi.

Hozir orqa tomonda Sabohiddin xoʻrsinganday, iliq nafasi boʻyniga urilganday boʻldi-yu, entikib turib qetdi. Orqasiga oʻgirilib... oʻgʻlini koʻrdi.
— Qaerda eding? — dedi u bir oz dovdiragan holda.
— Shu yerda... kirganimni payqamadingiz, — oʻgʻli shunday deb unga yaqinlashdi. — Siz boshqacha boʻlib qolgansiz. Yuragingizdagi gaplarni yashiryapsiz. Sir boy bermayapman, deb oʻylaysiz. Yodlab olgan aqidalaringizni pesh qilib nasihat qilasiz. Bunaqada oʻzingizni yeb qoʻyasiz. — Oʻgʻli kinoya bilan jilmaydi. — Taraqqiyot uchun xizmat qila olmaysiz. — U shunday deb chiqib ketdi.

Rhaq oʻgʻliga e’tiroz bildirishga shu tobda ojiz boʻlgani uchun ham uni iziga qaytarmadi. U Yerda yurganida uyga qaytgach, ruhan ezilishini taxmin qilgan, yerliklarning tuygʻulariga bandi boʻlmay deb, xuddi yuqumli kasallikdan qochganday qochishga urinar, yiroqlashishga intilgani sayin, undan uzoqlashmay, aksincha, tobora yaqinlashardi. Mana, oqibat: yerliklarning tuygʻulari qariyb yuqdi, Lukn minoraga chiqib tushgandan beri qalbida gʻimirlayotgan norozilik ochiq gʻalayonga aylandi. Tangga kelgunga qadar oʻzi bilan oʻzi pinhona olishdi. Keyin oʻgʻli bilan, Fid bilan bahslashdi. «Qachon?» «Nimaga?», «Shartmi?» «Zarur emas?» «Ajab...» Bir tana, bir yurakka ikki kishi xoʻjayin. Aql yurakka, yurak harakatga, harakat soʻzlarga monand emas. Biri ikkinchisini inkor etadi. Biri biroviga boʻysunmaydi. Buni oʻgʻli ham payqabdi.

Rhaq ana shunday ogʻir ahvolda edi.

Nima uchun hech kim yoʻqlamay qoʻydi? Bu — muddaoning oʻzi boʻlsa-da, Rhaq ajablana boshladi. Ayniqsa, hozir uyga sigʻmayotgan paytida kimningdir yoʻqlashini kutdi. Ammo yoʻqlov boʻlmadi.

U, ayniqsa, Fiddan xabar kutgandi. Oradan oylar oʻtyapti, ammo Rhaq intiq boʻlgan gapdan darak yoʻq. Tangda biron-bir masalani hal etish bunchalik uzoqqa choʻzilmas edi. Fid nima uchun jim? Nahot donishmandlar markazi haligacha bir qarorga kelmagan boʻlsa? Axir muammo juda ham chigal emas-ku? Rhaq Yerning hayotini toʻlaligicha oqlagani yoʻq. U ham Lukn kabi yerliklarning yaramas jihatlarini payqagan, bundan gʻazablangan. Lukn bilan uning xulosalarida asosanbittagina jiddiy farq bor: Rhaq yerliklar kelajagiga umid bilan qaraydi. Luknda mana shu umid yoʻq. Har qanday notoʻgʻri xulosaning, har qanday fojianing boshi umidsizlik ekanini anglash nahot shu qadar ogʻir boʻlsa?!

Rhaqni ma’lumotlarning qay darajada ma’qullanishi emas, balki Yerga qilinajak yangi safar taqdiri koʻproq tashvishga solardi. Yerga yana tadqiqot maqsadida uchiladimi yo uning hayotiga bevosita aralashish uchun safar qilinadimi? Tadqiqot davom ettirilsa kimlar boradi? Luknmi yoki Rhaqning oʻzimi?...

«Men albatta borishim kerak», — degan qat’iy qarorga kelgan Rhaqni oʻsha damdayoq «Nima uchun men borishim kerak?», «Nima uchun Yerga qaytgim kelyapti?» degan savollar siquvga olardi. U turli bahonalar oʻylab topib, oʻzini-oʻzi ishontirishga harakat qilardi. Kunlar shu zaylda oʻtyapti. Fiddan esa darak yoʻq. Rhaq oʻylay-oʻylay, «Xabar kutib, diqqinafas boʻlmasdan, Fidning oldiga borganim ma’qul», degan qarorga keldi. Ertasiga nonushtadan soʻng Fidning huzuriga yoʻl oldi.

Doʻstining xonasida boʻgʻilib bahslashayotgan Luknni koʻrdi-yu, ostonada toʻxtab qoldi. Fid Rhaqni imo bilan ichkariga taklif qildi.
— Nimangizga kerilasiz? — dedi Lukn kirib kelgan Rhaqqa e’tibor ham bermay. — Oʻzingiz ham foydali kashfiyot qilganingiz yoʻq-ku?

Lukn asabiylashgan sayin Fid oʻzini xotirjam tutardi. Luknning soʻnggi soʻzlaridan hatto kulib ham qoʻydi. Fidning qanday buyuk kashfiyot egasi ekani kattayu kichikka ma’lum boʻlsa-da, Lukn uni atayin kamsitib, jigʻiga tegmoqchi edi. Lekin oʻq moʻljalga tegmadi — Fid asabiylashmadi.
— Men yerliklarni bejiz sarosimaga solmaganim uchun ham kerilaman, — dedi u bosiqlik bilan.
— Men buning zararli ekanini bilmagan edim.
— Sizning ongsizligingiz ham shu.
— Hayotda xatolar yuz berib turadi, buni unutmang.
— Har narsaning chegarasi borligini siz ham unutmang.
— Yaxshi, unutmaslikka harakat qilaman. — Lukn shunday deb oʻzini bosib olish uchun chuqur nafas oldi.— Endi bu gaplarni qoʻyib, muddaoga oʻtaylik.
— Meng qarorimni oʻzgartirmayman.
— Siz meni...
— Ha. Layoqatsiz deb bilaman. Siz bu ishga mutlaqo noloyiqsiz!

Fid oʻrnidan turdi-da, deraza oldiga borib, orqasini oʻgirib oldi. Lukn unga nafrat bilan qaradi-da, chiqib ketdi. Fid shundan keyingina Rhaqqa oʻgirildi.
— Koʻrdingmi? — dedi u eshik tomon ishora qilib.— Temir sandiqqa solib koʻmib tashlasang ham ilojini topib teshib chiqaveradi.
— Sendan nima talab qilyapti?
— Yana Yerga uchmoqchi. Qoʻyib bersang, endi Yerni algʻov-dalgʻov qilib qaytadi. Minora sirtida yurgani uchun u jazolandi.
— Yerga yana uchilmoqchimi?
— Ha. Shu masalada seni chaqirmoqchi edim. Kelganing yaxshi boʻldi. Endi Yerda jiddiy tadqiqotlar boshlash vaqti yetdi. Sen bilan Lukn tavsiya etgan ikki xil ma’lumotlar bizni chalgʻitib qoʻydi. Endi Yerning olti nuqtasiga yakka-yakka holda yuboramiz. Qadimda taraqqiyoti yuksak boʻlib, oqibatda uyquga berilgan yurtlarni chuqur oʻrganish kerak.
— Yerga kimlar uchadi?
— Hozircha aniq bir gap aytish qiyin.
— Taxminiy roʻyxat bordir axir? — Rhaq Fidga yaqinlashib yelkasini ushlab, siltaganini oʻzi ham sezmay qoldi.
— Oʻzingni bos, — dedi Fid uning qoʻllarini yelkasidan olib. — Bu nima qilganing? Shu asabiyliging bilan Yerga uchmoqchimisan?
— Ha. Men albatta uchishim kerak.
— Nima uchun?
— Men... taxminlarimni isbot qilaman.
— Shuning oʻzimi?
— Demak... Men roʻyxatda yoʻq ekanman-da, a?
— Men bunday demadim shekilli?

Bu gapdan keyin Rhaqning chehrasi ochildi.
— Men roʻyxatga nomzodingni kiritdim. Ammo bu ahvolingda tibbiy sinovdan oʻta olarmikansan?
— Oʻtaman, Fid.
— Yaxshi. Lukn oʻrnatib qaytgan uzatgichlarning ayrimlari ma’lumot yubormay qoʻydi. Balki u odamlar oʻlgandir. Sabohiddin degan yerlikni bilarmiding?
— Bu senga qaerdan ma’lum boʻlib qoldi?
— Luknning hisobotidan. Xullas, oʻshandan kelayotgan ma’lumotlar chalkashib ketdi. Yerga borsang, u odamni topasan. Oʻzgarish sababini bilishimiz zarur.
— Fid, yerliklarning hayotini tahlil qilish uchun ajdodlarimiz tarixini ozgina boʻlsa ham bilsam, zarar qilmasdi.
— Shart emas. Sen koʻrganlaringni bizga ma’lum qilaver. Tahlil etish maxsus guruhning ishi.
— Fid, bir narsani ochiq ayt, tadqiqotlar tugagandan keyin Yerning taqdiri nima boʻladi?
— Ochigʻi, oʻzim ham bilmayman. Ammo Tangning taqdiriga befarq qarash mumkin emas. Biz ertami-kechmi, tabiatga qaytadan yaqinlashishimiz shart. Tabiatdan uzoqlashganimiz sayin hamma narsadan ajralyapmiz. Buni faqat sen emas, boshqalar ham tushunadi.
— Demak... biz bora-bora yerliklar hisobiga yashashimiz kerak ekan-da?
— Juda unchalik emas. Biz avvalo ularga yordam beramiz. Ularning ong darajalari biznikidan past.
— Balki yuqoridir?

Fid Rhaqqa tikilib qoldi. Yuqori labi uchdi. Teskari oʻgirilib oldi. Bir necha daqiqa ilgari ham Luknning gaplaridan gʻazablanib, shu alfozda deraza yoniga borib turgan edi. Rhaq bemavrid bahslashganini sezib, afsuslandi. Fiddan sado chiqavermagach, iziga qaytmoqchi boʻldi. Eshik tutqichiga qoʻl yuborganda barmoqlarining titrayotganini koʻrdi. Qiziq, asabiylashishga hech bir asos yoʻq edi. Aksincha, Yerga uchuvchilar roʻyxatida nomzodi borligini bilib, quvonishi lozim edi. Bu xushxabarni intiqliq bilan kutayotgan edi...
— Men bu xabarni eshitib, quvonarsan, deb oʻylabman, — dedi Fid bosiq ohangda.

Rhaq toʻxtab, oʻgirildi. Fid hamon deraza oldida turardi.
— Fid, oʻzim ham hayronman.
— Agar yana uchishni istasang, salomatligingni oʻyla. — Fid shunday deb unga qaradi. Rhaq gapirolmadi. Boshini quyi egib, chiqib ketdi. Dahlizda oʻgʻlini koʻrib, taajjublanib toʻxtadi.
— Sen bu yerda nima qilib yuribsan?
— Sizni izlayapman. Tezda uyga boring. Onam yoʻqlayaptilar.
— Uydan hozirgina keldim-ku?
— Toblari qochdi.
— Yur, boʻlmasa.
— Men tajribaxonadagi doʻstimga bir ogʻiz gap aytamanu orqangizdan yetib boraman.

Rhaq shoshganicha uyga joʻnadi. Oʻgʻli, aytganiday, orqasidan yetib bormadi. Rhaq xotini yotgan xonaga kirdi. Xotini pinakka ketgan ekan, choʻchib koʻzini ochdi. Erini koʻrib, ma’yus jilmaydi.
— Tinchlikmi? — dedi xasta ovozda.

Rhaq nima deyishini bilmay ikkilandi.
— Tinchlik... qiladigan ishim yoʻq, zerikyapman, — dedi nihoyat. — Oʻzing tuzukmisan?
— Ha, bugun ancha yengil tortib turibman. Oʻlingiz hozirgina ketdi.
— Senga bir nima dedimi?
— Hech... Ha, aytmoqchi, videomagnitofoningizga bir nimalarni yozdi shekilli.

Rhaq xonasiga kirib, videomagnitofon tugmasini bosdi. Kaftdek ekranda oʻgʻlining jiddiy qiyofasi koʻrindi. U shoshilmay dona-dona qilib gapira boshladi:
— Har narsaning cheki-chegarasi boʻlishi kerak. Hissiz sayyoraning umri qisqa. Oʻtmishini rad etgan va unutgan jamiyatning kelajagi ham yoʻq. Biz norozilik sifatida butun toʻdamiz bilan oʻzimizni qurbon qilamiz. Tangda bir kunmas-bir kun, albatta his-tuygʻu, mehr-oqibat koʻz ochadi, degan umid bilan oʻlamiz. — Oʻgʻli bir oz tin oldi. Keyin ovozini balandlatdi: — Nima uchun biz faqat yuksalishni va ishni oʻylashimiz kerak? Biz avlodlarga nimani meros qilib qoldiramiz? Vahshiyliknimi?

Gap tugashi bilan tasvir yoʻqoldi. Rhaq gangib, xotini yotgan xonaga chiqdi.
— Nima debdi yana? — dedi xotini xavotirlanib.
— Oʻzining oʻsha eski dardi...

U gapini tugatmay, deraza oynaklari zirillab, uy titrab ketdi. Xotini vahima bilan qichqirib yubordi.

Rhaq donishmandlar markazidagi asosiy tajribaxona portlaganini, bu mudhish ishni amalga oshirishda oʻgʻli ham ishtirok etib, toʻdasi bilan birga halok boʻlganini bir necha daqiqadan soʻng bildi.

Oʻziga suiqasd qilgan yoshlar maqsadlarini bayon qilib ketgan boʻlsalar ham ularning oʻlimi baxtsiz hodisa sifatida qayd etildi. Keraksiz shov-shuvga yoʻl berilmadi.

Rhaq Tangga qaytgach, oʻzini yolgʻiz sezib, sayyorada tuygʻularning uygʻonishini orzu qilib yurgan edi. Endi bilsa, u yolgʻiz emas ekan. Tuygʻuga chanqoqlar ham bor ekan. U oʻgʻlining halokatidan behad iztirobda edi. Ammo zurriyodining aniq bir maqsad yoʻlida qurbon boʻlgani uni ovuntirardi.

Oradan yarim oy oʻtmay, xotini bilan ham vidolashdi-yu, tamoman gangib qoldi. Asablari butunlay ishdan chiqayotganini angladi. Yerga qilinajak safardan umidini uzdi. Ana shu kezda yana Fid joniga ora kirdi. Uni markaziy asab hujayralarini sozlovchi biotelekameraga joylashtirdi. Shu muolajadan soʻnggina u tibbiy kuzatuvdan oʻtdi. Fid Rhaqning iltimoslarini bajarishga harakat qildi. Gen kamerasiga oʻrnatilgan miyaning telepatik xususiyatini kuchaytiruvchi moslama quvvatini oshirishga erishdi. Endi Rhaq inson qiyofasiga kirgach, bir necha oʻn qadam naridagi odamning fikrini uqib, unga fikran buyruq bera oladigan boʻldi. Yerdan uzatilgan biotok oqimlari asosida toʻplangan ma’lumot bilan tanishish Rhaqni behad quvontirdi. Chunki bu ma’lumot Sabohiddinning keyingi harakatlarini bayon etardi. Kemaning maxsus boʻlmasidagi bu ma’lumotni Rhaq faqat Yerga yaqinlashgan choqdagina olib oʻqishi mumkin, chunki Yerning ma’naviy qiyofasi haqida ma’lumot tangliklarga ayon boʻlmasligi shart edi. Uchish onlari yaqinlashgani sayin Rhaqni ajib bir hayajon qamrab borardi. Ilgarilari u bunday holga hech tushmagan edi. Endi u hissiz sayyorasidagi tartiblar borasida fikran bahslashmas, balki koʻproq Yerni oʻylardi. Eski tanishlarini qoʻmsardi... U Yerga tushadi. Buxoroga boradi. Yosh buxoroliklarni bir-bir izlab topadi. Suhbat quradi. Keyin Nazirani koʻradi... Nazira unga gʻazallar oʻqiydi. Keyin oʻzi yashirincha bitgan baytlardan... Suyuklisi bilan topishganini quvona-quvona aytadi... Keyin Rhaq vodiylarni kezadi. Bulbullarning sayrashini eshitadi. Buloq suvidan simiradi...

Rhaq uchish kunigacha shu shirin xayollar bilan yashadi.

Kemaga chiqar mahalida birdan nafasi qaytib, yuragi urishdan toʻxtaganday boʻldi. Kutilmaganda «Yana borishim shartmidi?» degan fikr miyasiga urilib, badaniga muz yugurdi. Beixtiyor orqasiga oʻgirildi: maydonda hech kim yoʻq. Uzoqda kuzatuvchilar joylashgan bino. Fid ham oʻsha yerda. Ular bilan qayta koʻrishish nasib boʻlarmikin? Yerdan qaytganda hammadan yotsirab qolgan edi. Endigi qaytishida qanday holga tusharkin? Yerliklarni yanada qattiqroq yaxshi koʻrib qolarmikin yo Lukn kabi nafratlanib qaytarmikin?

Kema sayyora sathidan koʻtarilgach, Rhaqning yuragi qalqdi. Nazarida qalbining bir parchasi uzilib qolganday boʻldi. Tang — hissiz boʻlsa ham har holda ona yurti edi...

Rhaq kemada oʻz ishi bilan mashgʻul boʻldi. Keraksiz bahsga berilmaslik uchun hamrohlarining suhbatlaridan oʻzini chetga oldi. Muddat yetgach, birinchi boʻlib uyqu kamerasiga kirdi. Tiniqib uxladi. Gallyutsinatsiya bu safar hukmini oʻtkaza olmadi. Quyosh majmuasiga yaqinlashganlarida uygʻonishdi. Rhaq shundagina Sabohiddin haqidagi ma’lumotlar bilan tanishishga tutindi.

Oraga Qilich Tushdi

Sabohiddin Tabib afandi — Rhaq bilan qoʻl olishib xayrlashgach, ancha yergacha otini yetaklab, behol yurib bordi. Shahar darvozasi oldidagi baqiriq-chaqiriqlar eshitilmay qolgach, orqasiga qaradi. Horgʻin odamday choʻkib yotgan devorlarga ma’yus tikilib turdi-da, otiga mindi. U muddarrisning oʻgitiga amal qilib, otash aravaga minmadi, otliq holda Karmana, Samarqand, Xoʻjand, Qoʻqondan oʻtib, Margʻilonni qoralab boraverdi.

U Margʻilonga yaqinlashganida kun peshindan ogʻib qolgan edi. Guzardagi masjid imomiga berib yuborilmish omonat maktubni topshirgach, shomga qadar Fargʻonaga yetib olishni reja qilgandi. Masjidga kirib hech kimni uchratmagach, guzarning narigi betidagi katta tollar panasida biqinib turgan samovarxonaga borib oʻtirdi. Yelkasiga sochiq tashlagan, yaktagi ustidan bogʻlangan qoʻshbelbogʻdan nosqovogʻi doʻmpayib chiqib turgan samovarchi bir likobchada holva, ikkinchisida mayiz keltirib qoʻydi.
— Mehmon suv qaynagunga qadar andak sabr qiladilarmi?
— Xijolat boʻlmang, shoshayotgan yerim yoʻq. Faqat masjidda hech kim koʻrinmayotganidan taajjubdaman.
— E, mehmon, yangi gaplardan xabarlari yoʻqmi hali?
— Tinchlikmi, ishqilib?
— Bu tunda Xoliqberdi toʻramning volidai mukarramalarini qatl qilishibdi. Toʻram peshinga yetib keldilar. Hozir hamma janozada.

Sabohiddin fotiha oʻqidi. Samovarchi unga qoʻshildi.
— Qatl qilishibdi, dedingizmi? — deb soʻradi Sabohiddin ajablanganini yashirmay.
— Ha, qatl qilishibdi, — dedi samovarchi xotirjam bir ohangda. Keyin: «Shunday olatasir zamonda bir kampirni oʻldirishsa nima qipti? Ne-ne lochin yigitlarning boshi uchyapti-yu! Bu yigit osmondan tushganmi, nima balo? Buncha hayron boʻlmasa», deganday gʻalati qarash qildi.
— Himoyasiz bir ojizada kimning qasdi bor ekan?
— Bunisi bizga qorongʻi. Yuzta ogʻizdan yuz oʻn gap chiqyapti hozir. Qay biriga ishonishni ham bilmay qoldi kishi. Samovar qaynadi shekilli, men boray-chi...

Sabohiddin joʻmragi chegalangan choynakdagi choyni boʻshatay deganda ot dupuri eshitildi. Yoʻlning ikki chekkasidagi qoʻshqator tollarning ishkom boʻlib chirmashgan shoxlari oftob nurini oʻtkazmagani uchun koʻcha bir oz qorongʻiroq koʻrinardi. Otliqlar guzarga yaqinlashdilar. Oldinda ikki suvori. Orqarokda qoʻqonarava. Aravaga toʻrt kishi chandib bogʻlangan. Orqada yana oʻnga yaqin otliq askar. Oldinda kelayotgan suvorilarning biri Sabohiddinning koʻziga issiq koʻrindi, tikilib qaradi: akasi! Choynakni qoʻyib, otliqlarga peshvoz chiqdi. Akasini chaqiraymi-chaqirmaymi, deb ikkilanib turganda, Jamoliddin uzun toʻn kiyib, salla oʻragan ukasini tanib, tizginni tortdi-da, «Sabohiddin, jigarim!» deb otdan sakrab tushdi. Aka-uka bir-birini bagʻriga bosganicha unsiz turib qoldi. Til oʻrniga bir-biriga juda yaqin kelgan ikki yurak gaplashdi:
— Sogʻ-omonmisan, ukajonim!
— Xudoga shukr, omon qaytibsiz. Meni deb ne azoblarni yelkangizga oldingiz. Akamning jonini omon saqla, yaxshi kunlarda diydor koʻrishaylik, deb har ibodatdan soʻng Ollohga yolbordim. Ming qatla shukr, ohlarim Tangrimga yetib boribdi...

Odatda uzoq ayriliqdan soʻng topishgan ayollar yigʻilarini yashira olmaydilar. Erkaklar esa ovoz chiqarmay koʻrishadilar. Chunki soʻzga ogʻiz juftlansa yigʻitalab qalblar irodadan ustun kelishi mumkin. Alamlarini ham, dard-hasratlarini ham ichga yuta olish qudratiga ega boʻlgan erkaklarning zaifligini bunday hollarda mijjalar orasidan sizib chiqqan koʻz yoshlari oshkor qilib qoʻyadi. Hozir ham shunday boʻldi.
— Jaloliddinov, yoʻldan qolyapmiz!

Sogʻingan yuraklar bir-biriga toʻymay qoldi.
— Sasha, qara, ukam kelibdi. Esingdami, senga u haqda gapirgandim, — dedi Jamoliddin hamrohiga qarab.
— Esimda, esimda. Juda a’lo ish boʻlibdi. Ammo hozir toʻxtashga fursat yoʻq. Qaytishda istaganingcha koʻrishaverasan.
— Xoʻp, hozir. Sabohiddin, sen shu yerda tura tur. Men tezda qaytaman.
— Uzoqqa ketyapsizmi?
— Anavilarni Xoliqberdi toʻraga topshiramizu qaytamiz.
— Ular kimlar?
— Toʻraning onasini oʻldirishibdi. Eshitgandirsan?
— Ha.
— Boʻpti, ukajon: men kelgunimcha shu yerdan jilma.
— Samovarda boʻlmasam, masjiddan topasiz.

Otliqlar yoʻlga tushdi. Sabohiddin joyiga qaytdi.
— Tanishingizni uchratdingiz, shekilli, a, mehmon? — deb soʻradi samovorchi unga yaqinlashib.
— Tanishim emas, akam boʻladilar. Olti yil koʻrishmagan edik.
— Olti yil?! Tagʻin ham odam hijronga chidaydi. Akangiz mardikorga ketgan edilarmi?
— Yoʻq, mardikorga olish boshlanmasdan burunroq Sibir qilishgan edi.
— A...a?
— Men esam Buxoroi sharifga tahsil olgani ketgan edim.
— Akangiz oʻsha damlarda ham oqposhshoga qarshi ekanlar-da, a?

Sabohiddin akasining surgun qilinishi sababini aytib oʻtirmay, «ha», deb qoʻya qoldi.
— Aravadagilarni qaerga olib ketishyapti ekan?
— Xoliqberdi toʻraga.
— Qotillar shular boʻlmasin tagʻin?
— Ha, oʻshalar ekan.
— Yo alhazar! Ular ham shoʻrolardan-ku? Oʻzlarinikini ushlab berishibdimi?
— Shoʻrolar deysizmi?
— Ha-da! Ikkitasini yaxshi taniyman. Biri melisada, bittasi chekadami, qoʻmitadami ishlardi. Oʻshanisi bir kuni menga poʻpisa qilgan. Voy, onangni koʻrgurlar-e, gʻirt gʻalamis ekan-da, a, bari? Ammo ushlab toʻramga topshirishlari durust boʻlibdi.
— Nimaga?
— Qotillarni topshirishmasa, qirgʻin boʻlishi turgan gap edi. Xudoga shukr, begunohlarning qoni toʻkilmaydi endi.

Asr namozi yaqinlashgach, masjid atrofida odamlar koʻrindi.

Sabohiddin imomni topib, Buxoroi sharifdan duo olib kelganini aytdi. Imom maktubni olib oʻpdi, koʻziga surtdi-da, tokchaga olib qoʻydi. Namozdan soʻng gaplashamiz, deb gapni kalta qildi.

Sabohiddin tahorat olib namozga kirdi. Imom unga yonidan joy koʻrsatdi. Namoz tugagach, imom yigʻilganlarga qarab soʻz boshladi.
— Muhtaram jamoa, bugun Margʻilonimizga Buxoroi sharifdagi oliy madrasada tahsil koʻrib qaytayotgan mulla Sabohiddin Jaloliddin oʻgʻillari tashrif buyurganlar. Iqbolimiz kulganini qarang-ki, u kishi bizning masjidimizga qadam ranjida qilishni lozim koʻribdilar. Oliy zotlarning suhbatlaridan, ilmidan bahramand boʻlgan moʻ’tabar mehmonimiz va’iza aytish istagini bildiryaptilar. Biz ham muhtaram janobning amri ma’ruflariga muntazirmiz.

Sabohiddin imomga hayron boʻlib qarab qoldi. Imom esa uning taajjubini sezmaganga olib, yarim qulluq, yarim jilmayish bilan oʻrnini boʻshatdi. Sabohiddin mudarrisning oʻgitlarini eslab, Hud surasini tafsir qila boshladi. Va’z tugagach, poygak tomonda turgan yosh bir yigit uni savolga tutdi:
— Biz omilarni aybsitmaysiz, taqsir, ammo Olloh-taoloning toʻfon yuborishiga oid bir rivoyatda toʻfon qaytganidan keyin Tangri «Endi bandalarimni bunday azobga qoʻymayman», deb osmonu falakka kamalak ilgan ekan?
— Ayni rost.
— Agarchi, Olloh-taolo shunday qaror bergan ekan, shu topga kelib, ahdini buzib, qiyomatni yuborishi mumkinmi?
— Tangrim iymonini yoʻqotmagan bandalariga rahm-shafqat qilib, shu qarorga kelgan edi. Toki iymonsizlar safi oshib borar ekan, Tangrimizdagi rahm-shafqat jomi gʻazab zahriga aylanur va qiyomat qoyim boshlanur. Ammo Xudovandi karim hidoyatdagi bandalarini hech vaqt azobga qoʻymaydi. Olloh taborak va taolo Sod surasida marhamat qilib aytadiki, asta’izubillah: «am naja’lullaziyna amanuu va a’milus-salixati kalmufsidiyna fil arzi am naj’alulmuttaqiyna kalfujjar», sadoqollohulaziym. Ya’nikim, Haq-taolo deydikim: «Biz iymon keltirgan va yaxshi amallarni qilgan zotlarni Yerda buzgʻunchilik qilib yuruvchi kimsalardek qilamizmi? Yoki taqvodor zotlarni fisqu-fujur qilib yurgan kimsalar kabi qilar ekanmizmi?» Alqissa shuki, iymon keltirganlar bilan iymonsizlar Olloh huzurida teng emaslar. Qiyomatdagi ajrlari ham boʻlakcha-boʻlakchadir.
— Taqsir imonsizlar, buzgʻunchilar deganda shoʻrolarni nazarda tutyaptilarmi?

Suhbatga imom aralashdi.
— Mulla Sabohiddin, izn bersalar, bu savolga men javob qilsam.
— Marhamat qilsinlar.
— Muhtaram jamoa, mulla Sabohiddin asli vodiydan boʻlsalar ham, keyingi uch yil badalida biz tomonlarga endi kelishlari. U kishi hali shoʻrolarning qanday kishilar ekanini bilmaydilar. Shu bois soʻrogʻingizga men oʻzim bilganimcha javob beraman: shoʻrolarning bari ham imonsiz emas. Imonlilari ham bor. Ammo ular yoʻldan adashganlar. Ahli muslimdan kimda-kim yoʻldan adashgan bir musulmon bandasini islomga qaytarsa, uning yetti gunohidan oʻtilib, oxiratda qiynoq azoblaridan xoli etilur. Agar uch gunohkor bandani yoʻldan qaytarsa, unga jannatning eng koʻrkam yeridan joy ato qilinur. Bu rasulillohning sharafli hadislaridur va barchangiz uni dilingizga jo qilmogʻingiz darkor. Nainki dilga jo etish, balki koʻrgan, bilgan barcha birodarlaringizni bundan ogoh qilish burchingizdir. Robbimiz Olloh Qur’oni azimushshanda marhamat qiladiki, atsa’izubillah: «Va man ya’mal minas-solixati min zakarin av unsa va huva mu’minun faulaika yadxulunal jannata va la yuzlamuna naqiyran», sadoqollohulaziym. Ya’nikim, kimki u xoh erkak boʻlsin, xoh ayol — moʻ’minlik holida savobli ishlar qilsa, aynan ular jannatga kirurlar va ularga xurmoning dumicha ham zulm qilinmagay.
— Taqsir, men bir narsaga tushunmay garangman,— oldingi qatorda oʻtirgan samovorchi shunday deb imomga murojaat qildi. — Mulla Sabohiddinning akalari shoʻrolardan ekan. Mulla akalarini yoʻldan adashgan hisoblaydilarmi yoinkim iymonsiz deb biladilarmi?
— Siz bu gapni qaydan oldingiz?
— Uzoq ayriliqdan soʻng hali-zamon topishdilar. Omonlashganlariga koʻzim tushib edi. Akalari qotillarni Xoliqberdi toʻramga topshirgani olib ketayotgan ekanlar.

Bu gapni eshitib, imom Sabohiddinga oʻgʻrincha qarab oldi, ammo sir boy bermay javob qildi:
— Mulla Sabohiddin, yanglishmasam, akalarining bu yoʻlga kirganlaridan bexabarlar. Akalari bilan hamsuhbat boʻlib, u kishining dilidagilarini bilmay turib, sizga tayin javob qilishlari mushkul, shundaymi, mulla? — Sabohiddin bu savolga yarim ta’zim bilan javob qildi. Imom mamnun bosh irgʻab soʻzini davom ettirdi: — Ollohdan umid qilamizkim, mulla Sabohiddinning akalari hali imonlarini yoʻqotmaganlar.

Boshqa soʻrovchilar qolmagach, odamlar tarqala boshlashdi. Imom Sabohiddinni gilam toʻshalgan hujraga boshladi.
— Men siz haqingizda avvalroq koʻp ibratli gaplar eshitib edim, — dedi u Sabohiddinni toʻrga oʻtishga taklif qilar ekan. — Chanoqqal’adagi jihodda Olloh yoʻlida jang kilganingizdan ham xabardormiz.
— Lutfingizdan bagʻoyat minnatdorman. Ammo andek sarosimaga solib qoʻydingiz. Ilgaritdan ogoh etganingizda...
— Va’zdan ogoh etishni atayin ravo koʻrmadim. Siz endi mullavachcha emassiz. Jamoat hamisha sizning soʻzingizga mahtal turadi. — Imom shunday deb tokchadagi maktubni olib oʻqidi. Soʻng Buxorodagi yangiliklar bilan qiziqdi. Amir lashkarlaridan soʻz ochdi. Gap orasida Jamoliddin ismli askarboshini durust bilishini ham qistirib oʻtdi. Keyin: «Yotadurgan yeringiz bormi?» deb soʻradi.
— Akamning diydoriga toʻysam, degan niyatdaman,— dedi Sabohiddin shikasta bir ohangda.
— Bagʻoyat toʻgʻri fikr qilibsiz. Agar akangiz shayton vasvasasiga tushgan boʻlsa, u kishini haq yoʻlga solishga qudratingiz yetadi, degan umiddaman.
— Insha Olloh.
— Siz uyingizga oshiqmay, avval Xoliqberdi toʻramning huzurlariga borasizmikin?
— Sabab? — Sabohiddin imomga yarq etib qaradi. Qalin qoshlar soya tashlab turgan koʻzlarda makr koʻrdi. Goʻllik bilan toʻrga ilingan saydini mamnun bir kayfiyatda kuzatayotgan sayyodning kulgisini imomning yupqa lablarida koʻrdi.
— Buxorodagi oliy zotlarning istagi shunday. Toʻramning huzurlarida qanday yumushga chorlanishingizni oʻsha yerda ma’lum qiladilar, — dedi imom unga sinov nazari bilan qarab. — Maktubda zikr etilishicha, oliy zotlar Ma’mur boyvachchaning asl qotilini bilar ekanlar.

Bu gapni eshitib Sabohiddin imomga burgut qarash qildi.
— Bilsalar, nima qilibdi? — dedi zardasini yashirmay.
— Ular yopigʻliq qozon yopiqligicha qolsin, mullaning sha’niga dogʻ tushmasin, deyaptilar.

Bu gapni eshitib, Sabohiddin avvaliga tildan qolganday boʻldi. Gʻazabga bandi boʻlib qolmaslik uchun kalima qaytarganicha dasturxonni gʻijimladi. Imom uning barcha harakatlarini xotirjam kuzatardi. Shuning uchun ham u oʻzini bosishga harakat qildi:
— Taqsir, Buxorodagi oliy zotlarga maktub bitar boʻlsangiz, ikki ogʻiz soʻzim bor, qistirib oʻting. — U ovozi titrayotganini sezib, ozgina sukut saqladi. — Aytingki... ular men uchun boʻlak qaygʻurishmasin. Yana aytingki, men gunohim uchun faqat Tangri oldida hisob beraman. Ollohdan boʻlak hech bir kimsa gunohimni pesh qilib meni qoʻrqita olmaydi. Mulla Sabohiddin gunohidan choʻchib, Xoliqberdi toʻraning xizmatiga majbur boʻladi, desalar qattiq yanglishadilar. Men jonimni haq yoʻliga tikkanman, buni unutmasinlar.
— Mulla, esingizni yigʻing.
— Soʻzimni boʻlmay eshiting: men — Muhammadur Rasullilloh ummatidanman. Jonim bitta ekan-ku, mingta boʻlsa ham islom yoʻliga qurbon qilishdan qaytmayman. Islom lashkarlariga xizmat qilishday sharafga yetkurgani uchun Ollohga ming qatla shukr. Shu soʻzlarimni yozing. Sabohiddinni goʻdak fahmlamasinlar.

Shu bilan suhbatga yakun yasaldi. Sabohiddin yana samovarga chiqdi. Margʻilon bagʻrida shabada yugurgilagach, yoʻl-yoʻl ishtonining pochasini himarib olgan boʻz yaktakli oʻspirin atrofga suv sepdi. Kun boʻyi quyosh zaptiga bandi boʻlgan yerning tafti koʻtarildi. Samovar asta-sekin gavjumlashdi. Odamlar bugungi dafn marosimi haqida, yurtning besaranjomligi toʻgʻrisida suhbatlashishar, gapga aralashmay jimgina oʻtirgan Sabohiddinga xavotir koʻzi bilan qarab qoʻyishardi. Sabohiddin choynakni yarimlatmay, samovarchi yangilab keldi.
— Zerikmayapsizmi, taqsir, bir juft qoʻshiqqa tobingiz qalay, Rustam qori kelganlar, — samovarchi Sabohiddindan javob kutmay, oʻng tomondagi soʻrida oʻtirganlarga qarab baland ovozda: «Qani, qori pochcha, bir eshitaylik», dedi.

Atrofdan: «Ha, bir eshitaylik», «Yurakni qon qiladigʻonidan boʻlsin», «Eshitganlar murodlariga yetsinlar», degan ovozlar keldi. Toʻrda oʻtirgan koʻzlari yumuq, choʻtir yuzli, toʻladan kelgan kishi yonini paypaslab tanburni oldi. Uni baxmal gʻilofdan chiqarib, sozladi. Soʻng hazin kuy yangradi. Goʻyo tanbur simlari emas, oʻtirganlar qalbida gʻubor bosgan torlar chertildi. Barcha, jumladan, Sabohiddin ham ajib bir sirli holat pardasiga burkaldi. Bugungi marosim ham, algʻov-dalgʻovlar ham unutildi. Goʻyo hech yerda urush-janjal yoʻq, goʻyo hech yerda qon toʻkilmayapti, goʻyo hech kim alam bilan boshini toshga urmayapti. Goʻyo dunyoda hech gap yoʻq. Faqat olamda shu soʻlim samovarxona mavjud. Goʻyo yer yuziga tanburdan taralayotgan shu kuygina hukmron. Yoʻq, faqat kuy emas, shirali ovozda aytilgan qoʻshiq ham bor. Ana, kuy pastlab, qori qoʻshiq ayta boshladi: Sening ishqingda, ey nomehribon, bexonumon boʻldum,
Demon bexonumon, ovorai ikki jahon boʻldum.
Labing gar bermasa boʻsa, nechun jon elta olgʻayman,
Bu yoʻldakim adam sahrosigʻa emdi ravon boʻldum.
Qoʻshiq tugadi. Oraga jimlik choʻkdi. Tinglovchilar ashula sehridan qutulib, ijrochiga olqish aytishga ulgurmay ikkinchi qoʻshiq boshlandi: Qani Shirin bilan Layliki, sendin noz oʻrgansa.
Qani Farhodu Majnunkim, alargʻa ishq oʻrgatsam...
Tanburning zir titrayotgan torlari, hofizning nolali ovozi hammani bandi qilib qoʻygan, ayniqsa vodiyning qoʻshiqlarini, vodiyning gurunglarini sogʻingan Sabohiddinni sehrlab olgan edi. Garchi Buxoro bilan Fargʻona osmoni bir boʻlsa-da, Sabohiddin kindik qoni toʻkilgan yerni koʻp qoʻmsardi. Xatm kutubni orziqib kutardi. Ota-onasi bagʻriga intilardi. Uyiga mulla yigit boʻlib kirib kelishni, xonadonidagi shodiyonani kunda turlicha tasavvur etardi. Dunyoning nomardligini qarangki, uning qaytishi notinch kunlarga toʻgʻri kelibdi. U Chanoqqal’ada ekanida: «Tanamni qirqqa boʻlib, osmonga sochib yuborsalar ham mayli, daydi shamollar birgina boʻlagimni uchirib, qishlogʻimga tashlab oʻtsa, mingdan-ming roziman», deb xayol qilardi. Shukrki, ota-onasi bagʻriga toʻrt muchasi sogʻ qaytyapti. Yana oddiy mulla emas, islom lashkarlarining murodbaxsh rahnamolari qanotiga kiruvchi e’tiborli odam sifatida qaytyapti. Musulmon bolasi uchun bundan boʻlak ulugʻroq ajru saodat bormi?

Sabohiddin qoʻshiq sehrida shularni oʻylardi. Oʻyi nihoyasiga yetmay qoʻshiq uzildi. Otlarning dupuri eshitildi. Yurak ezgulikka qonmadi.
— Toʻram! — dedi samovarchi. — Toqqa chiqib ketyaptilar shekilli?
— Xoliqberdi toʻra qaysi birlari? — deb soʻradi Sabohiddin.
— Oʻzlari koʻrinmaydilar.

Goʻyo yerdan qaynab chiqayotganday otliqlarning keti koʻrinmas edi. Samovarxonadagilar fotiha oʻqib, asta-sekin tarqala boshlashdi. Qori ham tanburni gʻilofga soldi.
— Odamlarning tinchi buzildi?
— Toʻram shahardan ketsalar, osoyishtalik yoʻqoladi, taqsir. Toʻram ketdilarmi, talonchilik boshlandi, deyavering.
— Shoʻrolar talashadimi?

Samovarchi savolni eshitmaganday gapni burdi:
— Taqsir, agar yotadigan yeringiz boʻlmasa, shu soʻriga joy qilib beray.

Sabohiddin unga mehribonchiligi uchun rahmat aytdi. Samovarchi eskiroq koʻrpacha, qattiq yostiq keltirdi. Sabohiddin yonboshlab yotib, akasini esladi. Oʻsha mash’um kechada akasi bilan boʻlgan soʻnggi uchrashuvi koʻz oldiga keldi...

U Ma’mur boyvachchaga pichoq urib toʻgʻri uyiga yugurdi. Boʻzaxoʻrlikdan sarmast qaytgan Jamoliddin eshik ogʻzida turgan edi. Hansiragan ukasining qoʻlidagi pichoqni koʻrib hayratda qoldi. Uni tez ichkariga oldi.
— Nima gap?
— Boyvachchani oʻldirdim.
— Nimaga?
— Oilamiz nomusini pokladim!
— Tentak! — Jamoliddin shunday deb ukasining yuziga shapaloq tortib yubordi. Sabohiddinning qoʻlidagi pichoq uchib, yerga tushdi. Aka-ukaning ovozini eshitib, uydan dadasi chiqdi. Voqeani bilgach, karaxtlanib turib qoldi. Bu orada koʻcha tomonda sharpa sezildi. Eshik taqilladi. Jaloliddin yurak yutib eshikni ochdi. Roʻparada Sultonmurodni koʻrib, sarosimasi bir oz bosildi. Sultonmurod ostona hatlamay turib, bosh suqqanicha ichkariga moʻraladi. Hovli oʻrtasida qotib turgan aka-ukalarni koʻrib, manzirat kutmayoq, ichkariga kirdi. Sabohiddinning yaktagidan siltab, oʻshqira ketdi:
— Bu nima qilganing, gumroh! Qaysi iblisning vasvasasiga kirding, badkirdor!
— Hay, hay, jon taqsirim, devorning ham qulogʻi bor-a... — Jaloliddin uning odatini yaxshi bilgani uchun yalinishga tushdi. Sultonmurod yagona guvoh. Ota uning ogʻzini yopish uchun hamma narsaga rozi edi. Sultonmurod, anchagacha poklik va haromlik haqida va’z oʻqidi, ora-sira Sabohiddinni la’natlab ham qoʻydi. Nihoyat, «gunohga sherik boʻlishga» koʻndi.
— Men sizni deb gunohga botyapman, Jaloliddin. Sizday olihimmat odam uchun doʻzax otashida kuyishga ham tayyorman, — dedi u oxiri, — ammo Xudo yoʻliga bir nima atamasangiz boʻlmaydi.
— Tilaganingizni beraman, — dedi Jaloliddin ishning yengil koʻchganidan quvonib.
— Ataganingiz-da...
— Yoʻq, oʻzingiz ayting. Jonimni soʻrasangiz ham beraman.
— Joningiz oʻzingizga, ana, bolalaringizga buyursin. Xudo yoʻliga qorabayiringizni atasangiz, bas.

Jamoliddin bu gapni eshitib titrab ketdi:
— Bekor aytibsiz! — dedi u, taqsirni yeb qoʻygudek boʻlib.
— Sen tek tur, — dedi Jaloliddin uni nari itarib. Keyin Sultonmurodga yuzlandi: — Jon taqsirim, siz otni nima qilasiz. Axir uloq chopmaysiz-ku?
— Ot menga emas, Xudo yoʻliga. Olloh koʻnglimga shuni soldi. Nima qilay?

Keyingi ikki yil ichida butun Oʻsh, Andijonu Margʻilon atrofida Jamoliddinning qorabayiri oldiga tushadigan ot topilmayotgan edi. Qaysi bir uloqda qorabayir koʻrindimi, tamom, manaman degan chavandozlar ham sovrindan umidlarini uzadigan boʻlib qolgandilar. Qorabayirning bahosi kun sayin oshib borar, qirgʻizlar u yoqda turib, Toshkentning etagidagi qozoqlar ham xaridor boʻlib kelaverib Jamoliddinni bezor qilib yuborishgandi. Sultonmurod buni yaxshi bilardi. Shuning uchun ham «xudo uning koʻngliga aynan shu qorabayirni solgan» edi. Oʻtkir nafasi yoki zehni bilan emas, xasisligi va pastkashligi bilan nom chiqargan Sultonmurodning bu talabi Jamoliddinni butunlay hushidan ayirdi.
— He, oʻsha koʻnglingga uray seni... — deb hezlanib kela boshladi. Otasining hay-haylashiga ham qaramadi. Hali esini yigʻishtirib ololmagan Sabohiddin nima qilarini bilmay joyida tek turaverdi.

Qishloq imomi esa, Jamoliddinning vajohatidan qoʻrqib, orqasiga tisarildi. Boshini kesakiga urib olib, sallasini tushirib yubordi. Jaloliddin eshikka koʻndalang turib, oʻgʻlining yoʻlini toʻsdi.
— Jon bolam, qoʻy, bu shahdingdan qayt. Ukangni oʻyla, jon bolam, juvonmarg boʻlmasin.

Jamoliddin shundagina xushiga keldi. Nima qilib qoʻydi? Achchiq ustida otiga jon kuydirib, ukasini oʻylamapti-ku?! Bu rasvo bir baloni boshlamasa edi.
— Chaqiring, olib ketsin, — dedi Jamoliddin boʻgʻilib. U hovli oʻrtasida mungʻayib turgan ukasiga botinib qaray olmadi.

Jaloliddin Sultonmurodning izidan tushdi. Ammo u qorongʻi muyulishda koʻzdan gʻoyib boʻlgan edi. Jaloliddin uning izini yoʻqotib, garang boʻlib turganda Ma’mur boyvachchaning koʻchasi tomonda imomning jaranglagan ovozi eshitildi:
— Ayyuhannos, musulmonlar! Ayyuhannos! Bu qanday bedodlik! Jaloliddinning kenjasi Ma’mur boyvachchani oʻldirib qoʻydi!

Boʻlar ish boʻlgan edi. Jamoliddin: «Oʻgʻlimni qochirib yuboraman», degan xayolda uyiga oshiqdi. Sultonmurodning ovozini eshitgan aka-ukalar garangsib hamon hovlida turishardi.
— Qoch, oʻgʻlim, toqqa chiqib ket. Gʻor tomonga bor. Erta-indin oʻzim topaman seni, — dedi Jaloliddin halloslab kirib. — Qorabayirga min, yetisholmaydi.
— Ha, boʻlaqol, — dedi Jamoliddin otasining gapini ma’qullab. Keyin otxona tomon yurdi-yu, dam oʻtmay toʻxtadi. «Yoʻq, qochish foydasiz», dedi oʻzicha fikrlab. Soʻng ukasiga yaqinlashdi. — Yaktagingni yech.
— Nimaga?
— Yech deyapman! — Jamoliddin uning yengidan siltab tortdi. Sabohiddin dovdiraganicha qon sachragan yaktagini yechib akasiga berdi. Jamoliddin uni kiyib, yerda yotgan pichoqni oldi-da, «uningni oʻchir», deb koʻchaga chiqdi. Yugurib kelayotgan olomon uni koʻrib, toʻxtadi.
— Ma’mur boyvachchaga kim qasd qildi? — dedi oldinda mash’ala ushlagan yigit.
— Men. Uning qoni bilan nomusimni pokladim.
— Yolgʻon gapirma. Ukangni chaqir!

Odamlar asta bostirib kela boshlashdi.
— Yaqinlashma! Kelganingni chavaqlayman! — deb hayqirdi Jamoliddin. Olomon toʻxtadi.
— Taqsir qanilar? — dedi haligi yigit. Olomon orasidan Sultonmurod chiqib keldi. — Qarang, qotil shumi?

U Jamoliddinga uzoq tikilib qoldi. «Ukasini saqlab qolmoqchimi? Ayni muddao. Ham undan qutulaman, ham ukasini jilovlab olaman. Qariganimda asqotadi», deb oʻyladi. Soʻng past ovozda: «Ha, shu. Qorongʻida koʻzim aldabdi. Ana, yaktagi ham qon. Ukasi emas, shu oʻldirgan», dedi.
— Qonga qon! — dedi yigit.
— Zinhor! — dedi Sultonmurod qoʻlini baland koʻtarib. — Zinhor ozor yetkaza koʻrmang. Gunohi boʻlsa, Ollohning oʻzi jazolaydi. Bandaga ozor berib siz ham gunohga botmang. Shariat peshvolari uning aybiga yarasha jazo bergaylar. Zinhor qoʻl tekkiza koʻrmanglar.

Jamoliddinni mahkamaga boshlab ketdilar. Sabohiddinning dardi ichida qoldi...

Shundan beri necha marta oʻrik gulladi, necha marta sel keldi, dunyo ostin-ustun boʻlib ketdi. Ammo olomon oldiga tushib borayotgan akasi sira koʻz oʻngidan ketmaydi. Sabohiddin qilmishining toʻgʻri yo notoʻgʻriligi, akasining ne sababdan azoblarga roʻpara boʻlgani toʻgʻrisida koʻp oʻyladi. Biroq, kalavaning uchini topa olmadi...

Uzoq yoʻl azobi ta’sir qilib, Sabohiddinning koʻzi ilingan ekan, otlarning dupuridan choʻchib uygʻondi.
— Tozza kutdingmi? — dedi Jamoliddin otdan tushar ekan. — Xafa boʻlma, Toʻra bir oz suhbatga tutib qoldi.
— Xoliqberdi toʻrami? — Sabohiddin «yanglish eshitdim shekilli?» deb akasiga ajablanib qaradi.
— Ha. U bilan eski oshnachiligim bor, — dedi Jamoliddin ukasidagi hayratni sezmay.
— Xoliqberdi toʻra bilan-a?!

Jamoliddin kuldi. Ilgarilari kulganda koʻzlari qisilib, yumilib ketay derdi. Hozir ham shunday boʻlgan-boʻlmaganini Sabohiddin qorongʻida bilolmadi.
— Ha, Xoliqberdi toʻra bilan. Sibirda bir ushoqni boʻlib yeganmiz.
— Sibirda? Xoliqberdi toʻra Sibir qilingan ekanlarmi?
— Xoliqberdi asli toʻralardan boʻlsa ham jangari ekan. Shunaqangi jangariki, uch paxsali devorga minib, «chuh» desa, devor ham yurib ketarkan. — Jamoliddin shunday deb yana kuldi. — Hayit kuni jigʻiga tekkan pristavni bir urib, joylab qoʻya qolibdi. Qani, yur, boraylik endi.
— Qaerga?
— Kazarmaga boramiz.
— Qaerga?
— Askarlar yotadigan joyga.
— Kofiru musulmon aralash yotaverasizlarmi?
— Qoʻrqma, sen kofirlarga aralashmaysan. Yuraver, mening uyim boʻlak.

Kazarma Margʻilonning kunchiqar tomonida, qaysi bir boyning yozlik qoʻrasida edi. Manzilga yetgunlaricha aka-uka bir-birlariga deyarli soʻz qotmadilar. Sabohiddin faqat ota-onasining salomatligini soʻradi. Jamoliddin uyga ikki oy oldin borgan ekan, tayin javob aytmadi. Kazarmaga kelishgach, Jamoliddin darhol dasturxon yozib, choy-non olib keldi. Aka-uka bir-biriga tikilib gapni nimadan boshlashni bilmay qolishdi. Afatidan, oradagi olti yillik ayriliq bejiz ketmagan edi. Suhbatlari dastlab qisqa savol-javobdan nari oʻtmadi.
— Sibir deganlari doʻzaxning oʻzi emish, shu rostmi? — deb soʻradi Sabohiddin. Aslida, u: «Sibirda yurib koʻp azob chekdingizmi?» deb soʻramoqchi edi. Dabdurustdan shunday savol berishni nooʻrin deb bilib, gapni aylantirdi.
— Doʻzax emas, — dedi Jamoliddin ukasining niyatini anglab, — doʻzax boʻlsa koshki edi, jilla boʻlmasa isinib olardik. Juda sovuq yerlar ekan. Yozining ham tayini yoʻq. Lekin odam har narsaga chidarkan.
— Siz Sibirda, men bu yerda azobda qoldim, aka. Yaktagimni yechib berganim uchun hali-hali armon qilaman.
— Bu gaplaringni qoʻy, uka. Loyqa suvlar oqib oʻtib boʻldi. Endi pokiza suvlarni rohat bilan shimirish payti keldi.
— Aka, oʻtgan ishning toʻgʻri yoki notoʻgʻri ekanini Tangrining oʻzi baholaydi. Lekin men bir savolga javob topolmayapman.
— Nimani soʻramoqchi boʻlganingni bilib turibman. Sen ne sababdan qotillikni boʻynimga olganimni bilmoqchisan, shundaymi?

Sabohiddin tasdiq ishorasini qildi.
— Sen Ma’mur boyvachchani mening nomusim uchun oʻldirding. Mening beparvoligimdan sendagi jangarilik ustun keldi. Buning uchun oʻzim jazo tortishim kerak edi.
— Meni ayamadingizmi?

Jamoliddin ukasining yelkasidan quchdi.
— Kel, endi bu haqda gaplashmaylik. Bu ishda sening aybing yoʻq. Taqsiring, hammasi Xudoning irodasi, deydi-ku. Mana, sogʻ-omon diydor koʻrishdik. Shuning oʻzi katta gap!

Akasining Xudoni piching bilan tilga olishi Sabohiddinning gʻashiga tegdi.
— Aka, shoʻrolarning bari xudobezor, benamozlarmi?
— Hammasi emas.
— Imonlilari bormi?
— Hammasi imonli.
— Tushunmadim?
— Imon deganing e’tiqodni anglatsa, safimizdagilarning hammasi e’tiqodli. Ayrimlar Xudoga ishonishmaydi. Ularning e’tiqodlari haqiqatda.
— Xudoga ishonishmasa, oxiratda...
— Ular oxiratga ham ishonishmaydi.
— Astagʻfirulloh! Odamda ishonch boʻlmasa aqldan ozadi!
— Bizda ishonch yoʻq, deb kim aytdi senga? Bizning ishonchimiz senikidan mustahkamroq. Biz mavhum narsaga emas, oʻz gʻoyalarimizga, irodalarimizga, qilayotgan ishlarimizning foydali ekaniga ishonamiz. Senlarda esa bu ishonch yoʻq. Sen oʻz kuchingga ishonasanmi? Yoʻq. Ollohdan marhamat kutasan. Irodangga-chi? Yoʻq. Tangrim bergan taqdir, deysan. Qilayotgan ishingning foyda-ziyonini ham bilmaysan. Oxiratda xudo ajratib oladi, deb javrayverasan.

Sabohiddin akasiga qarab angrayib qoldi. Oʻngimi, tushimi? Oʻz jigarimi bu yo akasi libosidagi shaytonmi? Uning tili tanglayiga yopishib qolganday boʻldi.
— Ha, ogʻzingga talqon solib olding? Toʻgʻri gapni tan olishga bari bir majbur boʻlasan.
— Jim qolganim rizo alomati emas. Sizdan shunday gaplar chiqishiga aqlim lol. Fursat borida tavba qiling!
— Hayot shunaqa ekan, uka. Azob tortmaguncha oq-qorani tanimay, koʻr boʻlib yuraverar ekansan. Sen ham koʻzingni och. Xudoga sigʻinib yuraverma.
— Aka! Menga bunday gaplarni aytmang! Odam yaratganiga sigʻinmasa, kimga sigʻinadi?!
— Haqiqatga sigʻin, mehnatga sigʻin. Odamning butun baxti ham, hayoti ham haqiqat bilan halol mehnatda.
— Aka, demak, siz ham...
— Ha, ishonmayman. Kalima keltiraver. Yana aytaman: ishonmayman... Xudo sen aytgancha chindan bor ham boʻlsin. Arshi a’loda suzib, yerdagi voqealarni kuzatayotgan ham boʻlsin. Lekin unda insof bormi? Mukofotlanishi kerak boʻlgan odamni jazolaydigan, jazoga loyiq odamning boshini silaydigan Xudo kimga kerak? Mengami? Yoʻq. Sengami? Senga ham kerak emas. Lekin sen buni tushunmaysan. Madrasada koʻzingga tuproq sochib koʻr qilib qoʻyishgan. Ha. Yuzingdagi ikki koʻzingda nur bor. Yuragingdagi koʻzlaring esa ojiz. Qani ayt-chi, qaysi kambagʻalning figʻoniga Xudo quloq tutdi? Har bir kalimalaring «karomatli, shafqatli, rahmdil Olloh» deb boshlanadi. Xoʻsh, biz Xudoga nima yomonlik qiluvdik? Qaysi gunohlarimiz evaziga bu azoblarni bizga ravo koʻrdi? Indamaysanmi? Ha, javob bera olmaysan. Chunki men haqman. Hozir miyang zaharlangan, bularni tushunib yetishing qiyin. Bora-bora mening haq ekanimga imoning komil boʻladi. Biz kambagʻallarning kosasi oqarsin, deb kurashyapmiz. Sen ham kambagʻalning bolasisan. Lekin safimizga qoʻshilmaysan, buni yaxshi bilaman. Men bilan birga boʻl, deb tashviq ham qilmayman. Faqat ikki qulogʻingga quyib ol: bosmachilarga qoʻshilma. Qoʻshilsang, oramizga qilich tushgan boʻladi. Jangda otilgan oʻq aka-ukani ajratib oʻtirmaydi.
— Axir, aka...
— Gapim esingdan chiqmasin. Sen bir vaqtlar oilamiz nomusi uchun qaygʻurgan eding. Jangari eding. Maxsimchalik senga yarashmaydi.

Bu gaplar oddiy soʻzlar yigʻindisi emas, balki uchi zaharga botirilgan kamon oʻqlari kabi edi. Bu oʻqlar Sabohiddinning yuragiga sanchila qolsa mayliga edi, oʻlardi-yu, bu ruh azobidan qutulardi. Yoʻq, roʻparasidagi akasi emas, akasining qiyofasiga kirgan shayton alayhila’na. Zaxarli soʻz oʻqlari esa Sabohiddinning miyasiga sanchilib, butun vujudni oʻyib, kuydirib oʻtib soʻng tovonni teshib, oʻpirib chiqib ketyapti.

Akasi Ollohdan yuz oʻgiribdi. Endi akasi iymonga qaytmasa, undan yuz oʻgirmoqqa majbur. Yaratganni tanimay qolgan inson tirik oʻlikdir. Sabohiddin bu gaplarni akasiga aytmoqchi boʻldi, ammo ukalik haddi bunga yoʻl bermadi. U paygʻambar alayhissalomning «Ollohni yod qiladigan bilan yod qilmaydiganning oʻrtasidagi farq tirik bilan oʻlik oʻrtasidagi farq kabidir», degan muborak soʻzlarini bu onda tilga koʻchirmak uchun oʻzida qudrat topa olmadi. Buni oʻz iymonining ojizligidan deb bilib, yanada ezildi.

U haj amallarida shaytonga tosh otmoqlik qanchalar shart boʻlsa, bu onda akasining qalbida muhrlangan iblisga qarshi isyon qilmoqlik shunchalar zarurligini his qilib, lozim soʻzlarni aytmoqqa shaylanib turganida eshik taqillab, askar yigit kirdi-da, Jamoliddinni komandir chaqirayotganini aytdi. Jamoliddin anchagacha yoʻq boʻlib ketdi. Sabohiddinga quyilgan choy sovidi. U butkul karaxt boʻlib qoldi. Akasining kirganini ham sezmadi.
— Afsus, ukajon, tezda yoʻlga chiqishimiz kerak ekan. — U shunday deb aslahalarini taqa boshladi. — Uyga borib dadamga, buvimga, singlimga salom ayt. Meni sogʻ-omon yuribdi, de. Qattiq gaplarim koʻnglingga ogʻir botmasin. Ertami-kechmi haqiqatni bilib olishing kerak. Hozir chaynaladigan zamon emas. Shuning uchun dangal-dangal gapirdim-qoʻydim. — U Sabohiddinni bagʻriga bosib xayrlashdi. — Shu yerda damingni ol. Navbatchi yigitlarga tayinlab qoʻydim. Aytmoqchi, — Jamoliddin jilmaydi, — choydan ich, namozxon yigitlar damlagan. Faqat ularning boshini gangitib oʻtirma.

Jamoliddin shu gaplarni aytib, chiqib ketdi.

Sabohiddin it azobida tong ottirdi. U kalavaning uchini yoʻqotib qoʻygan edi. Akasi, Xoliqberdi toʻra... Qachondir hamnafas boʻlgan ekan. Endi bir-biroviga yov. Yov boʻla turib bordi-keldi qiladi. Xoliqberdi toʻra islom yoʻlida shamshir koʻtargan. Bular esa... Ertaga u Xoliqberdi huzurida boʻladi. Toʻra albatta akasidan soʻz ochadi. Qanday zamon boʻldi oʻzi?.. Sabohiddin koʻzini yumdi. Qoʻynilarini yongʻoqqa toʻldirib, koʻcha changitib yurishlarini esladi. Kunduzi aka-uka bir boʻlib boshqa koʻcha bolalari bilan yongʻoq oʻynashardi. Goh yutib, goh yutqizib, goh yarashib, goh mushtlashib qaytishardi. Jamoliddin ukasini boshqalardan himoya qilib jiqqamusht boʻlardi. Jahli chiqqanida esa Sabohiddinni ham ayab oʻtirmasdi. Oqshom chogʻida ikkovlon hovlida oʻynashguday boʻlsa, Sabohiddin yongʻogʻini yutqizib qoʻyib, gʻirromlik qilar, keyin yigʻlar, oraga onasi tushgach, yongʻogʻini qaytarib olar, ammo quloq choʻzmadan ham quruq qolmasdi.

Sabohiddin shularni eslab, entikdi. Akasi unga «Miyang zaharlangan», dedi. Sabohiddinning fikricha esa aslida akasining ongi zaharlangan edi.

«Choyni yangilab beraymi?» deb kirgan yigit Sabohiddinning xayolini toʻzitib yubordi. Sabohiddin bunga hojat yoʻqligini aytdi-da, iziga qaytmoqqa shaylangan yigitni toʻxtatib, soʻradi:
— Tinchlikmi? Biron yerni yov bosibdimi?
— Ha, Muhiddin qoʻrboshi Oʻshga yopishibdi chogʻi.

Yigit gapni qisqa qilib, chiqdi. Sabohiddin «yov bosdimi?» deganda beixtiyor shoʻrolarni nazarda tutgan edi. Yigit esa ayni shu beixtiyorlik bilan qoʻrboshini tilga oldi. «Yov» deyilganda ularning ikkovlari ikki olamni nazarda tutdilar. Ammo Sabohiddin bunga e’tibor bermadi. Uni boshqa narsa tashvishga soldi:

...demak, akasi jangga ketibdi.

...demak, hayoti qil ustida.

...demak, bittagina daydi oʻq uni kofir sifatida...

Shu fikr xayoliga keldi-yu, badaniga muz yugurdi. Shayton vasvasasidan qutqarishni soʻrab Ollohga yolbordi. Yana akasining jonini omon saqlashni, unga hidoyat bermoqlikni soʻrab, duo qildi. Duo qildi-yu, biroq, koʻnglining bir chetida iltijolari ijobat boʻlmasligini sezib, kuyundi. Ibrohim alayhissalom kofir otalarini magʻfirat etmoqlikni Ollohdan soʻraganlarida duolari qabul boʻlmagan ekan. Paygʻambarningki duosi qabul etilmasa, Sabohiddinniki nima boʻlar ekan? Ollohga tavakkul qilmoqdan oʻzga chora yoʻq.

Sabohiddinning qulogʻiga kimdir pichirlaganday boʻldi: «Innahu man ya’ti Robbahu mujriman fainna laxu jahannama la yamutu fiyha va la yahyaa»1. Qur’on oyatlari Sabohiddinni titratib yubordi. U yana duo qildi. Akasiga hidoyat va yana hidoyat tiladi. Soʻng oʻsha ovoz yana pichirladi: «Vallaziyna kafaruu a’maluxum kasarabi biqiy’ati yaxsabuxuz zam’anu maa xatta izaa jaaxu lamyajidxu shay’an va vajadollaxa i’ndaxu favaffaxu xisabixu valloxu sariy’ul xisab. Av kazulumoti fi naxri lujjiyya yagʻshahu mavjun min favqiyxi mavjun min favqiyxi saxabun zulumatun ba’duxa favqa ba’din iza uxraja yadaxu lamyakadu yaraxa va man lam ya’jalilloxu laxu nuran fama laxu min nuriyn».2

Aslida hech kim pichirlamagan, Sabohiddinga deyarli yod boʻlib ketgan Qur’oni karimning bu oyatlari beixtiyor ravishda xayolini yoritgan edi.

Akasi sahroda adashgan tashna odammi? Sarobni suv deb intilyaptimi? Qoqilyaptimi, yiqilyaptimi, a’zoyi-badanlari tilinyaptimi? Suv deb oʻylagani sarobga yetib borgach, qiyomatda nimaga erishadi? Ollohning hisob-kitobiga...

Sabohiddin shoʻrolarning kuchi nechogʻli ekanini bilmaydi. Ammo maqsadlaridan xabari bor. Salimxoʻja bilan bu xususda koʻp bahslashishgan. Akasining gaplariga qaraganda, Salimxoʻja toʻgʻri soʻzlagan. Shunday ekan, akasi sarobga intilib yashayapti. Akasi bir-ikki gap bilan yoʻlidan qaytuvchi goʻdak emas. Ammo qachondir boshi devorga borib tegadi. Xudoni gʻazabga keltirgan onida undan marhamat kutish qiyin...

Akasi endi nurdan mahrum etilganmi, umid yoʻqmi? Tubsiz dengiz ostidagi qorongʻu zulmatda qoldimi? Bu dengiz ustini yana katta toʻlqin qoplab olganmi? Zulmat ustiga yana zulmat... Bu ham yetmaganday uning ustini yana bulut bosgan... Bu zulmatlar ostidagi odam Ollohning nurini koʻra olarmi ekan? Hatto oʻz qoʻlini koʻra olmasa... Nahot shu azoblardagi odam uning akasi?!

Shularni oʻylagan Sabohiddin beixtiyor pichirladi:

«Najot ber, Robbim, oʻzing hidoyat ber akamga...»

Ertami yo indin Sabohiddin intilib kelgani islom lashkarlari qarorgohiga yetadi. Musulmonlarga omonlik, kofirlarga ofat tilab duolar qiladi. Demak, akasiga ham... ofat tilaydi. Qanday bedodlik oʻzi bu!..

Sabohiddin shularni oʻylab toʻlgʻanardi...

* * *

Rhaq biotok oqimlari ma’lum qilgan bu voqeaning quruq bayoni bilangina tanishdi. U faqat Sabohiddinning akasi bilan uchrashganini va ayri-ayri maqsad yoʻlida ajrashganlarinigina biladi. Voqeaning asosiy bayoni bilan u keyinroq, Sabohiddinni Keskanbel qishlogʻidan topgach, tanishadi. Hozircha u uyqudan uygʻongan hamrohlari bilan Yerga tushish uchun tayyorlanishi kerak. Koʻp oʻtmay yassi kemadan olti kichik kemacha ajralib, odam qiyofasiga kirgan tangliklarni Yer sari olib uchadi. Rhaqning kemasi avvalgiday Qizilqum markaziga qoʻnadi. Uning ixtiyorida Yer hisobicha, roppa-rosa bir yil vaqt bor. Shu bir yil ichida u Tang bilan ham, Yerning boʻlak nuqtalariga tushgan hamrohlari bilan ham aloqa qilmay, mustaqil ish koʻrishi mumkin. Markazning belgilangan rejasi shunday. Rhaq birinchi galda eski tanishlarini izlab topishi kerak.

Devona

Rhaq shaharga yaqinlashgach, xaroba devorni koʻrib koʻzlariga ishonmay qoldi. Yer vaqti bilan yigirma yildan ziyodroq vaqt ichida koʻrkamlashish oʻrniga ortga ketgan shaharning manzarasi uni behad ajablantirdi. Rhaq odamlarning yurish-turishiga qarab koʻp narsa oʻzgarganini sezdi. Shuning uchun hech kim bilan hamsuhbat boʻlmay, shahar aylandi. Buxoro sirtdan qaralsa, aytarli oʻzgarmagan edi. Lukn tik chiqib tushgan minora ham oʻshandayicha turibdi. Yoʻq, sharafasi sal-pal yemirilibdi. Nimadir urilganga oʻxshaydi. Sabohiddin oʻqigan madrasadan fayz ketgan. Mullavachchalar koʻrinmaydi. Hujralarga yamoqchilar joylashibdi. Hovuzdagi suv ancha tiniqlashibdi. Atrofga yogʻoch soʻrilar qoʻyilgan. Odamlar choy ichib, gurunglashib oʻtirishbdi. Odamlar zohiran osoyishta edilar. Botinan esa hadik va alam yogʻida qovrilib yashardilar. Kulgu bilan koʻz yoshlari qorishib ketgan edi. Rhaq ularga yaqinlashib, gurunglariga quloq tutdi: ular oʻzlari haqida emas, Ispaniyaning taqdiri, finlar bilan tuzilgan bitim, Gitlerning maqsadlari haqida, paxta, yangi traktor xususida suhbat qurishardi. Bu gaplarni eshitib Rhaq Salimxoʻjani, uning orzularini esladi. Demak, Salimxoʻja aytganday boʻlgan! Rhaq shunday kun kelishini, oʻshandayoq bilgan edi. Darvoqe, Salimxoʻja bormikin? Amir changalidan omon chiqdimikin? Rhaq oʻrnidan turib, Salimxoʻja yashagan uyni qoralab ketdi. Shaharning kunbotaridagi jinkoʻchaga joylashgan boloxonali uyga yaqinlashib, ochiq eshikdan ichkariga qaradi. Torgina hovli bolalar bilan toʻla. Rhaq yanglishdimmikin, deb oʻylab orqasiga tisarildi. Yoʻq, oʻsha uy. Faqat eshik peshtoqiga lavha qoqilibdi. «Ibtidoiy maktab...»

U nima qilarini bilmay turganda eshik ogʻzida koʻzoynak taqqan, tepa sochi toʻkilgan bir kishi koʻrindi. U roʻdapo chopon kiygan, burni beoʻxshov — katta, quloqlari esa kichkina, bukchayibroq turgan, baland boʻyli Rhaqqa boshdan-oyoq razm soldi. (Yerdagi eski tanishlar bilan aloqani tiklanishi oson boʻlsin uchun Rhaq avvalgi genetik kod asosida odam qiyofasiga kirgan edi.)
— Birodari aziz, siz kimni yoʻqlab keldingiz?

Rhaq javobga taraddudlandi. Keyin muddaosini aytdi.
— Asadovmi? — koʻzoynakli kishining yuzida xavotir uygʻondi. — Bilmaysizmi hali?
— Nimani?
— Asadov — xalq dushmani, otishga hukm etilgan,— koʻzoynakli kishi keyingi soʻzlarni qariyb pichirlab aytdi-da, koʻchaga chiqishi lozim boʻlsa ham qaytib ichqariga kirdi.

Rhaq joyida harakatsiz turib qoldi. «Bu odam nimalarni valdiraydi, — deb oʻyladi u, — Asadov xalq dushmani? Asadov otilgan? Axir, Asadov amir zamonidagi bahslarda shunday jamiyatni orzu qilardi, eng odil jamiyat shunday boʻladi, deb tortishardi-ku? Hamisha kambagʻalga qayishar edi-ku? Uni nima uchun otdilar, nima uchun xalqning dushmani deyaptilar? Nima uchun nomini tilga olishdan choʻchiyaptilar? Mana bu odam dilida: «Asadov xalqparvar odam, yashab turgan bu uyini yigirmanchi yilda bolalarga topshirib oʻzi kulbasifat uyga chiqib ketgan, bor mol-mulkini oʻz ixtiyori bilan soʻnggi tangasigacha topshirgan», deyapti. Tilida esa oʻzga gap. Bu nimadan darak beryapti? Luknning bashorati tasdiqlanyaptimi? Tili boshqa, dili boshqa xalq taraqqiyot yoʻliga oʻta oladimi? Hozir birmuncha ilgarilaganday tuyulyapti. Lekin qoʻrquvga asir boʻlgan bu odamlar xasdan tiklangan uychani qasr deb faraz qilsalar, yaqin kelajak davrning ayovsiz shamoli bu xaslarni uchirib, uychani vayron qilsa-chi? Bu odamlar jar sari borayotganlarini anglab yeta olarmikinlar? Anglab yetgan onlari vaqt yonib ado boʻlmasmikin?»

Rhaq shu savollarga javob axtarardi. Uning ongi oliy darajada boʻlsa-da, hozir javobga ojiz edi. Sahroda suvsab, holdan toygan, oʻlim haq ekaniga ishonayozgan odam koʻziga layli sochlarini yoyib olgan majnuntol, uning poyida esa suvga lim-lim toʻlgan hovuz koʻrinsa, bechoraga gʻoyibdan kuch-quvvat qaytadi. Yer tirnab emaklaydi, necha bor hushdan ketadi, oʻziga kelib yana tirishib emaklayveradi. Soʻng... oʻsha laylisochli majnuntol, oʻsha suvga lim-lim toʻla hovuz sarob ekanini anglaydi-yu... Rhaq hozir oʻsha tashna odam, oʻsha sarobga qarab borgan bechora ahvolida edi. U umidi darz ketgan holda iziga qayta boshladi. Hovuzga yetmay, oʻngga burilib, Shoazizning uyini qoralab ketdi.

Eshik ichkaridan tambalangan ekan, Shoazizning oʻzi ochdi. U ancha toʻlishgan, qorin qoʻygan, ustida oq koʻylak, oq shim (Rhaq shaharda yurib, shu kiyimning rasm boʻlganini sezgan edi), soqol-moʻylovini esa qirdirib tashlagan edi. U «Tabib afandi»ni tanisa ham, tanimaganga oldi.
— Keling, ota? — dedi u hadik bilan.
— Sizni bir koʻrib ketay deb keldim. — Rhaq Shoazizga qattiq tikildi.
— Tanimayroq turibman? — dedi Shoaziz undan koʻzini olib qochib.
— Men... Tabib afandiman. Uyingizda turar edim...
— Tabib afandi? — Shoazizning rangi boʻzardi-yu, ostona hatlab koʻchaga chiqdi. Atrofga olazarak qaradi. — Nimaga keldingiz? Sizni birov yubordimi? Chuchvarani xom sanashmasin! Borib ayting: sizni tanimayman. Sizlar bilan hamtovoq boʻlmaganman. Amir zamonida ham sizdayin afandilarni koʻrarga koʻzim yoʻq edi, ha! Mening e’tiqodimni hech kim bukolmaydi. Borib ayting sizni yuborganlarga! — Shoaziz shunday deb jazavaga tushayozdi. Rhaq bu gaplarga e’tibor qilmay qattiq tikilganicha uning fikrini oʻqiy boshladi. Shoaziz battar sarosimaga tushdi: — Menga bunday tikilmang. Joʻnang! Bu yerda qorangizni koʻrmayin! — U shunday deb hovlisiga kirdi-da, eshikni shartta yopdi.

Rhaq esa turgan yeridan jilmadi. Bir onning oʻzida Shoaziz vujudida yashiringan haqiqatni bilib oldi. Rhaq oʻsha damlardayoq Shoazizning e’tiqodsiz ekanini bashorat qilgan edi. Agar Yerdan ikki-uch odam olib chiqib ketishga ruxsat berilganda edi, birinchi galda shu Shoazizni moʻljallagan boʻlardi. Rhaq uni dastlab koʻrgandayoq: «Tangbop odam ekan, olib chiqib ketsam, yerliklar bitta e’tiqodsiz odamdan qutulardi. Buning yaramas odatlari boshqalarga yuqmas edi», deb oʻylagan edi. Fikri yana toʻgʻri chiqdi.

U iziga qaytmoqchi boʻlib besh-olti qadam bos- di-yu, toʻxtadi. Aslida, Rhaqni bu koʻchaga boshlab kelgan kuch faqat Shoaziz emas, balki Nazirani koʻrish ishtiyoqi ham edi. Ammo nima uchundir qiz bilan uchrashuvga yuragi dov bermadi. Yerga uchishga tayyorgarlik koʻrib yurganida yaqinlari bilan boʻladigan uchrashuvlarni turlicha tasavvur qilardi. Ayniqsa, Nazirani koʻrishni.... Oʻylaganlari amalga oshmaydiganga oʻxshaydi. U shu hadik bilan Naziraning eshigidan uzoqlashayotgan edi, ammo koʻp yurolmadi. Iziga qaytib, ikki tavaqali eshikni taqillatdi. Eshikni yigirma besh yoshlar chamasidagi jikkak yigit ochib, roʻdapo kiyimdagi notanish odamga ajablanib qarab qoldi, hatto salom berishni ham unutdi.
— Men Zokir akani yoʻqlab kelgan edim, — dedi Rhaq uning ajablanib turganini sezib.
— Zokir aka?
— Ha, bu yerga kelmaganimga ham koʻp yillar boʻldi. Nazira degan qizlari... Shamsi degan oʻgʻillari bor edi...
— E, Zokir otami? U kishi olamdan oʻtganlarida men hali esimni tanimagan edim.
— Oʻgʻillari-*chi?
— Toʻxtamurod aka... Ibrohimbekka qoʻshilganlari uchun qamalib ketganlar.
— Nazira-chi?!
— Nazira opammi? Mening yangam boʻladilar. Akamning oilalari. Hozir Toshkentda turishadi.

Yigit notanish kimsa yuzidagi iztirobni sezib, uni ichkariga taklif qildi. Rhaq hovliga qadam qoʻy-di-yu, ammo uyga kirmadi. Torgina hovli oʻrtasidan oʻtgan ariq hali ham toʻlib oqadi. Ammo bir tup oʻrik qirqib tashlangan. Yerdan ikki qarich koʻtarilib turgan toʻnkaning ust qismi chiriy boshlagan. Rhaq shu hovlida, shu ariq labida Nazira bilan uchrashuvini koʻp marta tasavvur qilgan edi. Hozir hovli oʻrtasida tik turgan holda, yigitni hayratda qoldirib, nigohini sarsari kezdirar, Nazirani izlardi. Nazarida, kipriklari quyuq qiz hozir qoʻlida kitob ushlagan holda uydan chiqib keladiganday edi...

Rhaq bir necha kun Buxoroda boʻlib, oʻzgarishlarning barchasini fahmlab oldi.

Endi u «Tabib afandi»ning «kuni tugaganini» bilardi. Shuning uchun kiyimlarini oʻzgartirib oldi. Odamlarga yaqin boʻlish uchun yana tabobatni tanladi. Rhaq palapartish uzatilayotgan biotok oqimiga qarab Sabohiddinning Oʻsh qasabasi yaqinida yashayotganini Yerga tushmayoq aniqlab qoʻygani uchun ham koʻp adashmadi.

U Fargʻona vodiysini qoralab borar, ariqlar labida chayqalib turgan terak-tollarni koʻrganida ham, sharqirab oqayotgan soy boʻyida dam olganida ham, buloq suvidan simirganida ham, keng dalani koʻrib koʻzi quvonganida ham Tangni eslardi. «Har holda Tang ham qachondir shunday boʻlgan», deb qoʻyardi. Uchragan qizlarni Naziraga oʻxshatib, yuragi oʻrtanaverardi. Avvaliga Toshkentga borib, Nazirani izlab topmoqchi ham boʻldi. Ammo qizning yaralarini yangilab qoʻymay deb choʻchidi.

Rhaq Oʻshda uzoq qolmay Kesganbelga boraverishdagi kattaroq qishloqqa kelib toʻxtadi. Hovuz atrofida bosh egib turgan majnuntol soyasidagi soʻriga oʻtirdi. Shaharcha kiyingan, oʻzbekka uncha oʻxshamaydigan bu odamni samovarchi darrov sezib, toza koʻrpacha koʻtarganicha shoshilib keldi. Keyin ozoda dasturxonda qand-qurs ham paydo boʻldi.

Bir payt koʻchaning narigi betidagi pastqam binoning eshigi shasht bilan ochilib, etdor bir kishi koʻrindi. Agar u: «Qoʻlingdan kelsa yurit-da, bu ishni!» deb baqirmaganida Rhaq unga e’tibor ham bermagan boʻlardi. U eshikni qarsillatib yopib, etigining qoʻnjiga qamchi bilan urib qoʻydi-da, choyxona tomon yurdi. Rhaq uning koʻzlaridan, yurishidan jizzakiroq odam ekanini sezdi. Etdor kishi choyxonaga yaqinlashdi-da, bepisandlik bilan ovozini balandlatib: «Qani, togʻa, yaxnadan oling», dedi.
— Ha, rais buva, boʻgʻilib chiqdingiz? — deb soʻradi samovarchi unga katta sopol piyolada yaxna choy uzata turib.
— E, boʻgʻilmay boʻlami! Bu zangʻarning kitobida Kesganbel yoʻqqa oʻxshaydi. Bitta doʻxtir bergisi kelmaydi. Toshkandan odam kelarmish, men kutarmishman. Gapini qarang. Men rais boʻlaman-u, uning nozu firoqiga qarab oʻtiramanmi. Toshkanidan oʻnta doʻxtirni boshlab kelib Kesganbelga oʻtqazib qoʻyish qoʻlimdan kelmas ekanmi? Kimligimni bilmaydi-da, bu enagʻarlar.

Samovarchi bu gapni eshitib, Rhaqni imlab koʻrsatdi. Rais Rhaqga picha tikilib qaradi-da, piyolani qoʻyib, unga yaqinlashdi.
— Mehmon, siz doʻxtir emasmisiz? — dedi bu safar bir oz yumshab.
— Ha.
— Kesganbelga ketyapsizmi?
— Topdingiz.
— Topmay-chi! Men bir qarashda bilaman odamni. Toshkandan kelyapsizda, a?
— Yoʻq.
— Yoʻgʻingiz nimasi?
— Men urushdan qaytyapman. Kareliyada oʻpkamni sovuqqa oldiribman. Endi togʻli joyning havosi pokiza, qimizi koʻp boʻladi, deb kelyapman.
— Doʻxtirmisiz, axir?
— Ha, ishonmasangiz sinab koʻring. Koʻrsatay desam hujjatlarim yoʻq. Yoʻlda oʻgʻirlatib qoʻydim.
— Oʻgʻirlatib qoʻydim, deng?.. — u Rhaqqa sinovchan tikildi. — Urilganlardanmasmisiz?
— Sinab, tekshirib koʻring, deyapman-ku. Qani, qoʻlingizni bering. — Rhaq uni bilagidan ushlab, koʻziga tikildi. — Tomir urushingizga qaraganda qabziyatdan ozor chekasiz. Boshingiz ogʻrib turadi. Hozir ham ogʻriq qoʻzgʻalyapti.
— Toʻgʻri! — raisning koʻzlari charaqlab ketdi. — Toʻppa-toʻgʻri! E, yuring, menga hujjat-pujjat kerakmas. Hujjat degani anovi zangʻarlarga kerak. Men ulardan ruxsat soʻrab oʻtirmayman. Ammo... hech kim bilmasin, a?

Rhaq jilmayib, ma’qul ishorasini qildi.
— Hujjatingiz boʻlmasa, ismingiz bordir?
— Ha, bor. Ismim Mirzaqayum. Mirzaqayum Toʻxtamirzaev.
— Boʻpti, qishloqchasiga Mirzavoy, deyaveramiz. Ma’qulmi, ketdik.

Rhaq — Mirzavoyning beulov ekanini bilgan rais tolga bogʻloqliq otlardan birini yechdi.
— Oʻzimizning yigitlarniki, minavering. Ular arava-parava qilib boraverishadi, — dedi.

Rhaq ishning oson koʻchganidan yengil tortib, otning jilovini oldi.

Uzangiga oyoq tirab, egarga qornini berganicha, bir amallab mindi. Avvalgi safar Yerga kelganida uch-toʻrt bor ot mingan boʻlsa-da, hali chavandozlikning bismillosini ham oʻrganmagan edi. Uning beoʻxshov harakatini kuzatib turgan samovarchi bilan rais oʻzaro koʻz urishtirib, jilmayib qoʻyishdi.
— Aslida eshakka minishingiz kerak ekan, — dedi rais yoʻlga tushishgach.
— Nimaga?
— Chayqalib ketayotganingizni koʻrgan kishi bu odam tozza mast, deb oʻylaydi. Bu ahvolda yiqilib tushishingiz hech gapmas. Eshakka minganingizda, yiqilguday boʻlsangiz, oyogʻingiz uzun ekan, yerga tirab turib olardingiz. Eshak oyogʻingiz ostidan bemalol oʻtib ketaverardi.

Raisning boʻyga ishora qilib aytgan hazil gapi ma’qul kelib, Rhaq kuldi. Rais sergap emas ekan. Bu Rhaqqa qoʻl kelib, unga koʻz tikkanicha yashirin fikrlarini oʻqiy boshladi: bu odam bir oz tajang, bir oz oʻjar, qoʻpolgina. Achchigʻi kelganda otasini ham ayamaydigan toifadan. Maqtanishni xush koʻradi. Farosat bobida bir oz gʻarib. Kolxozi ancha badavlat. U kolxozni yana ham boy qilishni istaydi. Shu niyatda kolxozning choʻpini birovga oldirmaydi. Oqibatda koʻpning koʻziga yomon koʻrinadi. Ammo oʻzi ham nafsini tiygani uchun unga otilgan tosh borib tegmaydi. Kolxozga manfaati bor, deb ishontirilsa, Quyoshni Yerga olib tushishga, agar zararli ekaniga iqror etilsa, uning yuziga qora bulut torttirishga tayyor odam. Har holda, fikri beqaror bunday rahbardan qoʻrqqulik. «Kompyuterga oʻxshab ketarkan, — deb oʻyladi Rhaq undan nigohini uzmay. — Kompyuter xotirasiga singdirilgan har bir ishni soʻzsiz bajaradi. Bu rais ham shunday. Kolxozni boyitaman, deb odamlarni xonavayron qilishi hech gapmas. Unga toʻgʻri gapni tushuntirish qiyin. Afsuski, odamlar bir-birlarining fikrlarni oʻqiy olmaydilar. Yoʻqsa, bu odamni raislikka saylashmas edi. Kolxozni sermulohaza, koʻproq ertani oʻylaydigan, ogʻir-bosiq odamga topshirishgan boʻlishardi. Yoʻl qoʻyilayotgan qanchadan-qancha xato yuz bermasdi. Ajab, ongli mavjudot uchun arzimas bir ish — biotok oqimiga asoslangan holda ma’lum masofada turib bir-birining fikrini oʻqiy olmaslik qanchalar dahshatli oqibatlarga olib kelishi mumkin-a? Insoniyatning mana shu arzimas ojizligidan qanchalar odam foydalanishi, sirtdan yaxshi koʻrinib, razil niyatlarini pinhona amalga oshiraverishi ham mumkin.

Buxorodan Fargʻonaga kelgunga qadar Rhaq koʻp sofdil odamlarni uchratdi. Ularning gaplarini eshitib dili yayradi. Odamlar bilan hamsuhbat boʻlib Tangdagi hissiz, tuygʻusiz yurtdoshlarini esladi. Mana bu raisni uchratib, yana Tang koʻz oldiga keldi. U yerda ham hissiz, tuygʻusiz kimsalar avval koʻp boʻlmagan. Keyin tomir ota borgan. Yerda yaxshilar bilan birga yomonlar ham bor. Yomonlari kam. Ammo koʻpayib ketarmikin bular? Odamlar qora niyatlilarga, berahmlarga barham bera olarmikinlar?

Rhaq shu oʻylar bilan Kesganbelga yetdi. Baland togʻning yonbagʻriga joylashgan qishloqda oqshomgi besaranjomlik zohir edi: oʻchoq moʻrilaridan tutun koʻtariladi, podadan qaytgan buzoqlar yelinga yetisholmay boʻzlaydi. Onalar bolalarini, bolalar otalarini chaqirgan... Qishloqning shu koʻrinishida, shu harakatida ajib bir pokizalik, bedorlik bor edi. Rhaq buni darrov sezdi.

Ikki tup bahaybat chinorga yondosh solingan ravonli samovarxona oldi sayhonlik, oʻrtaga doira shaklida gulzor qilingan. Ravonda oʻtirgan besh-olti choyxoʻr rais bilan mehmonni koʻrib, oʻrinlaridan turishdi.
— Ha, oʻtiribsizlarmi? — dedi rais ularning salomiga alik olib. Keyin ovozini koʻtarib «Asqarali togʻa!» deb chaqirdi.

Ichkaridan past boʻyli, choʻtir yuzli kishi shoshilib chiqdi.
— Mana, doʻxtirni boshlab keldim. Rais jon kuydirmasa, ogʻizlaringizga pashsha qoʻndirib oʻtiraverasizlar. Hamma narsaga rais balogardon. Choy-poy qilib, doʻxtirni joylashtiring. Erta-matan oʻzim xabar olaman. Ha, otni qantarib qoʻyinglar, egasi olib ketar.

Rais shunday deb, Rhaq bilan xayrlashdi-da, otini yuqoriga oʻrlagan yoʻlga soldi. Rhaq ajablanib turib qoldi. Mehmonning xijolatda turganini sezgan Asqarali yugurib kelib koʻrishdi-da, jilovni qoʻlidan oldi.
— Xafa boʻlmaysiz, mehmon, raisimiz shunaqalar,— dedi. Bu orada ravondagilar ham pastga tushib, Rhaq bilan omonlashdilar. Tirsak shaklidagi choyxonaning kunchiqar tomoni ikki uy bir dahlizdan iborat shifoxona ekan. Rhaq shu yerga joylashdi.

Ertasiga sahar chogʻi samovarxona biqinida oʻtin yorayotgan devonavash odamni koʻrib Rhaq bir seskandi: moʻylovlari oqarib ketgan bu odam Sabohiddin edi! Shundagina u biotok oqimlarining nima uchun pala partish boʻlib qolganini angladi.

Rhaq kun boʻyi samovarda beish oʻtirdi. Devona ham kunini shu atrofda oʻtkazarkan. Rhaq odamlar e’tiborini jalb qilmaslik uchun uning harakatlarini «loqayd» kuzatdi.

Oqshomga yaqin rais xushsurat bir juvonni boshlab keldi.
— Saboxonning hamshiralikdan picha xabari bor, vaqt-bevaqt sizga koʻmak berib turadi, — deb gapni kalta qildi-yu, iziga qaytdi.

Rhaq juvonni guzarda koʻrgandayoq taxtadek qotgan edi. Juvonning qaddi, dumaloq qora koʻzlari, quyuq kipriklari Nazirani eslatdi. Rhaq Yerda shuncha yurib bir-biriga bunchalar oʻxshash ikki odamni endi koʻrishi edi. Faqat, Nazira qoratoʻridan kelgan, bu juvon esa sariqqa moyil edi. Demak, Saboxon unga yordamchi. Demak, uni har koʻrganda Nazirani eslaydi. Xayoli hamisha oʻsha qiz bilan band boʻladi...

Saboxon yangi doktorning tikilib qarashidan oʻngʻaysizlanib, nima qilarini bilmay qoldi. «Muncha qaraydi bu kishi, yo yoqam ochilib qolibdimikin», degan oʻyda koʻylagining yoqasini ushlab qoʻydi. Durrasini peshonasiga bostiribroq tortdi. Rhaq juvonning xijolat tortayotganini sezmadi. Asqarali Rhaqdagi oʻzgarishni, juvondagi taraddudni payqab, oradagi oʻngʻaysizlikni quvish uchun:
— Qizim, uyingga borovur, kech boʻlib qoldi, ishni erta-matan boshlarsan, — dedi.

Rhaq shundagina xayolini yigʻdi.
— Ha, ha, boravering. Bugun qiladigan ish ham yoʻq, — dedi u shoshilib.

Saboxon eshitilar-eshitilmas «xayr», dedi-da, pastga tushib ketdi. Ana shu «xayr» degan mayin ovoz— Naziraning ovozi endi Rhaqning shunday orqasida pichirladi:

«Oʻqung har lahzakim, jonim dilar, koʻnglim qilar afgʻon...»

«Endi men uchun har lahza otash azobi boʻladi, — deb oʻyladi u. — Ishqilib, vujudimda paydo boʻlayotgan gʻalati hislarning quli boʻlib, asosiy maqsadni unutib qoʻymay. Nima uchun Nazirani eslayapman? Koʻrishganimizda menga deyarli gapirmagan. Biron-bir va’da ham bermagan. Uni eslashimdan nima foyda? Unutishim, ha unga bogʻliq har qanday xotirani unutishim kerak. Nazira — men uchun yoʻq odam. Uning ovozi ham, gʻazallari ham, chehrasi ham yoʻq...»

Shu lahzadan boshlab Rhaq butun diqqatini toʻplab, xotiralarini unutishga kirishdi. Nazira yodiga tushishi bilan uni xayolidan quvaverdi. Saboxon kelgandan keyin ham faqat ish haqida oʻylashga tirishdi. Shu sababli juvon bilan durustroq gaplashmadi ham.

Ikki kun shifoxonani tartibga keltirish bilan oʻtdi. Suvogʻi koʻchgan joylarni suvashdi, oqlashdi. Saboxon deraza oynaklarini yuvib, oq pardalar tutdi, hovlini oʻtdan tozaladi. «Mayda-chuyda» ishlarga Rhaqning uquvi yoʻq edi. Shuning uchun juvonga yordamlashdi.

Uchinchi kuni rais kutayotgan vrach ham kelib qoldi. Past boʻyli, etdor, yuzidan samimiyat yogʻilib turgan bu yigit darrov Rhaqning diqqatini tortdi, u bilan hamnafas yashashidan sevindi. Dilmurod oilasi bilan kelgani uchun Asqarali ularni oʻzining uyiga joylashtirdi. Rais avvaliga Dilmurodning tashrifidan norozi boʻldi. Chunki Rhaq uning diliga oʻrnashgan, endi boshqasini xushlamas edi. Ammo Dilmurodning uzogʻi bilan bir-bir yarim yildan soʻng yana ToshMI ixtiyoriga qaytib ketajagini bilgach, bu yerda ishlashiga qarshilik bildirmadi. «Kesganbelda ikkita doʻxtir bor ekan», degan gap tarqalishini oʻylab, kerilib ham qoʻydi.

Dilmurod kelgan kunning ertasiga Rhaq Devonaga yaqinlashdi. Toʻgʻrirogʻi, bunga Dilmurodning qizi Umida sabab boʻldi. Voqea yuz bergan vaqtda ular raisning qabulida edilar, tafsilini keyinroq eshitdilar.

Oʻsha tun jala quydi. Tongga borib qora bulutlar kambagʻalning koʻrpasiday boʻlib qoldi. Jalada savalanib, shumshaygan tabiat gunohkorona sukut bilan quyoshning koʻtarilishini kutdi. Ufq yorishishi bilan Kesganbel uygʻondi. Eng avval guzarda jonlanish sezildi. Asqarali tarasha yorib, samovarga oʻt tashladi. Keyin soy boʻylab yuqorilagan yakkatovon koʻchada oq eshak mingan qariya koʻrindi. Eshak loy sachratib kelib choyxona oldida toʻxtadi. Qariya shoshilmay tushib, tosh zina bilan yuqoriga koʻtarildi. Yaktak kiyib, qoʻshbelbogʻ bogʻlagan Asqarali uni qarshilab, quyuq soʻrashdi-da, ichkariga taklif qildi. Qariya uning lutfiga minnatdorchilik bildirib, panjaralari toʻq yashil rangga boʻyalgan ensiz soʻriga oʻtirdi. Yuziga fotiha tortib, belidagi chorsini yechdi-da, dasturxon oʻrnida yoyib, yarimta nonni oʻrtaga qoʻydi.

Suv qaynaganda samovarxona odamga toʻlgan edi. Toʻplanganlar uzoq gurung qilib oʻtirmay tez tarqashdi. Guzar bir oz boʻshab qoldi. Kun yoyilishi oldidan yana gavjumlashdi. Shu paytda kechadan beri koʻrinmayotgan Devona paydo boʻldi. Odamlar unga qarab qoʻydilaru e’tibor bermadilar. Bir mahal katta qayragʻoch atrofida ivirsib yurgan Devona baqirdi. Barzangi yigit soʻkindi. Keyin notanish qizchaning ovozi keldi. Hamma shu tomonga qaradi:
— Urmang! — dedi qizcha alam bilan. Soʻng yonida turgan kishini yengidan tortdi-da, unga najot koʻzi bilan boqib, yolbordi: — Amaki, ayting, urmasin!

Voqeani loqaydlik bilan kuzatayotgan kishi qizchaning boshini silab qoʻydi. Ammo joyidan jilmadi. Qizcha atrofidagi odamlarga bir-bir qarab chiqdi. Ba’zilar kulimsirab, ba’zilar achinib, ba’zilar esa achchiqlanib turar, qiyiq koʻzli yigit changalida azob chekayotgan moʻylovli Devonaga yordam berishni hech kim oʻylamasdi.

Qizcha bir zum dovdirab turdi-da, oxiri chidayolmay, yugurib borib yigitning qoʻllariga yopishdi: «Urmang! Nimaga urasiz?!» — deb qichqirdi. Yigit jahl bilan bir siltagan edi, qizcha chalqanchasiga yiqil-di.

Shundan keyingina odamlar yigitning qoʻllarini qayirib: «Esing bormi, bolada nima gunoh!» deb uni koyigan boʻldilar.

Toʻplanganlar Devonaning aybsiz ekanini yaxshi bilardilar. Lekin unga yordam berishga odatlanmagan edilar. Devona oʻrnidan turib, atrofdagilarga qoʻrquv koʻzi bilan qarab, gʻalati ovoz chiqardi. Odamlar sergaklanib, «Yana tashlanib qolmasin», degan xavotirda orqaga tisarildilar. Ammo u hech kimga tegmadi. Alamli baqirdi-da, yuqoriga, qabriston tomonga qarab ketdi.

Qizcha uning izidan bir oz qarab turdi. Keyin hali yiqilganida koʻtarib olib, mehribonlik qilayotgan ayolning quchogʻidan yulqinib chiqdi-da, jabrdiydaning orqasidan yugurdi. Biroq uzoqqa borolmadi. Tutib olishdi.
— Kimning qizi ekan, batlikka oʻxshamaydi? — dedi ayollardan biri.
— Yangi doʻxtirimizning bolasi, — dedi Asqarali shoshilib pastga tushayotib.
— Qaysi biriniki, keyin kelganinikimi?
— Ha, Dilmurodniki. Biznikiga tushishgan. Saboxon, qizim, sen olib borib qoʻya qol, — dedi Asqarali orqasidan kelayotgan juvonga qarab.

Saboxon ma’qul ishorasini qilib, qizchani koʻtarib oldi-da, samovarxona yaqinidagi koʻchaga yurdi.

Guzardan sal nariroqdagi, loyshuvoq ustidan oqlab qoʻyilgan uy Asqaraliniki edi. Ayol, bu uy yaqiniga yoʻlash u yoqda tursin, uzoqdan koʻzi tushsa ham yuragi gʻalati boʻlib ketar, birrov kirib-chiqishga bahona izlab yurardi. Bugun bahona oyoq ostidan chiqdi. Shundan quvonibmi, qizchani suyub-erkalab ichkari kirdi. U hovli oʻrtasida turgan notanish juvonni koʻrib, «onasi shu boʻlsa kerak», degan oʻy bilan unga yaqinlashdi.
— Egachi, shirinchangiz guzarga oʻynab chiqqan ekan...
— Voy oʻlmasam, uyda uxlab yotgan edi-ku! — Juvon Saboxon bilan soʻrashishni ham unutib qizchasini yolgʻondan koyidi. Ayol ona-bolaga bir oz kulimsirab qarab turdi. Soʻng boʻlgan voqeani qisqacha bayon qilib, oʻzini tanishtirdi-da, mehmonni uyiga taklif etib, orqasiga qaytdi. Uning toʻrdagi uy tarafga qarab-qarab qoʻyganini juvon sezdi.
— Sen aralashib nima qilarding, gʻirtmak, u jinni ekan-ku, — dedi ona qizning shilingan tirsagini yuva turib.
— Kim? — dedi qizcha burnini tortib.
— Kim boʻlardi, oʻsha moʻylovli kishi-da.
— U jinnimas.
— Ha, boʻpti. Jinni boʻlmasa jinnimasdir. Sen kattalarning ishiga aralashma. Ayb boʻladi.
— U jinnimas, — dedi qizcha oʻjarlik bilan. — U yaxshi kishi. Urgan odam jinni.
— Boʻldi, jonim, boʻldi. Jinnimas, dedim-ku. Qani yur, uyqing chala boʻlibdi. Yana birpas uxlab ol.

Qizcha shiftga qoqilgan gulli qogʻozga tikilib yotdi. Guzardagi voqea yana xayolidan oʻtdi. U oʻrnidan turdi-da, deraza pardasini koʻtarib, asta tashqariga qaradi. Onasi koʻrinmadi. Shundan soʻng eshikni ochib hovliga, undan lip etib koʻchaga chiqdi-da, avval guzarga, undan Devona ketgan tepalikka qarab yurdi. Yoʻl qizchani qabristonga olib bordi. Qizcha qoʻsh qayragʻochga yaqinlashgach, qoʻrqib toʻxtadi. Atrofga olazarak qaradi. Sal yuqoriroqdagi bostirma oldida oʻtirgan Devonani koʻrgach, sal dadillanib, oʻsha tomon yurdi.

Devona hujrasi yonidagi xarsang ustida ma’yus oʻtirardi. Ammo qizchani koʻrishi bilan chehrasi yorishdi.
— Burningiz ogʻriyaptimi? — dedi qizcha uning roʻparasiga choʻnqayib. Devona javob oʻrniga kuldi. Uning mehribonligidan quvondi. — Mening manovi yerim qonadi, — dedi qizcha tirsagini koʻrsatib. — Bitta ham yigʻlamadim.

Devona titroq barmoqlari bilan uning tirsagini siladi.
— Opoq, opoq, ogʻrimasin, — deb yana kuldi.
— Sizzi otingiz nima? Meniki Umida.
— Um... Um... U-mi-da. Umida! — devona shunday deb zavqlanib kuldi.
— Sizziki-chi?

Devona jim qoldi. Oʻyga toldi. Haligacha hech kim unga bunday savol bermagan edi. U boshqalar kabi oʻzining ham ismi borligini bilmasdi. Toʻgʻrirogʻi, ismini allaqachon unutib yuborgandi. Umidaning savoli uning miyasiga yashin kabi urilib, chang bosgan xotiralarini qalqitib yubordi. Darvoqe, ismi... Uning ham chiroyli ismi bor edi. Onasi ismini aytib, suyib-erkalardi. Oppoq qor koʻziga qora qon boʻlib koʻringan oʻsha kundan beri hech kim uning ismini aytib chaqirmadi. birov «Oting nima?» deb ham soʻramadi. Faqat shu qizcha soʻradi...

Devona Umidaga hayratlanib bir qaradi-da, soʻng indamay oʻrnidan turib, hujrasi tomon yurdi. Umida uning bu qiligʻiga tushunmadi. Hujraning gʻijirlab ochilgan eshigi, Devona ichkariga kirgach, oʻz-oʻzidan taraqlab yopildi. Umida uning orqasidan borib, eshikni itardi. Ichkari bir zum yorishdi-yu, yana qorongʻilashdi. Tuynuklardan nayzasifat boʻlib tushib turgan nur hujrani yoritishga ojiz edi. Umida nimqorongʻi uychaning oʻrtasida choʻnqayib oʻtirgan Devonaga yaqinlashdi.
— Sizga nima boʻldi amaki?

Devona qimir etmadi. Gapirmadi ham.

... Umida kelgan kuni zerikdi. Eshik ogʻzida turib oʻtgan-ketganlarga qaradi. Qoʻshni bolalar kalta koʻylak kiygan, oppoqqina qoʻgʻirchoqday bu qizga qarab kulib qoʻyishdi. Umida begonasirab, devorga suyanganicha turaverdi. Bolalarning birinchi boʻlib soʻz boshlashlarini kutdi. Shu payt muyulishdagi bolalar yugurib qolishdi. Keyin narigi koʻchadan «Jinni! Jinni!» degan qiyqiriqlar eshitildi. Dam oʻtmay bolalar qurshovida irgʻishlab kelayotgan shopmoʻylovli, sochi ustara bilan qirilgan, boshyalang, sarpoychan, qirra burun Devona koʻrindi. Devona Umidaning yonidan oʻtib ketdi-yu, ammo tezda iziga qaytdi. Chugʻurlashayotgan bolalarni poʻpisa qilib, quvgan boʻldi-da, mehmon qiz qarshisida choʻnqayib, tirjaydi. Bolalar, shaharlik qiz hozir dod solib uyiga qochadi, deb oʻylab, Umidaga tikilib qoldilar. Umida chindan ham bir oz qoʻrqdi. Lekin sirini fosh etmaslik uchun oʻzini majburlab jilmaydi. Devona bundan quvonib, qiqirlab kuldi-da, moʻylovining uchlarini tishlab miyovladi. Umida uning bu qiligʻidan kulib yubordi. Qiligʻi qizchaga ma’qul boʻlganini anglagan Devona oʻrnidan turdi-da, «Apalamza al, hevamiza ham... Bibi shapoq, qambar buqoq...» deb oʻynab, irgʻishlay boshladi. Keyin guzar tomon yugurdi. Umida chugʻurlashayotgan bolalarga qoʻshilib, uning izidan chopdi. U yangi orttirgan oʻrtoqlari bilan kun boʻyi Devonani ermaklab yurdi...

...Umida jinni ham biron narsadan xafa boʻlar, deb sira oʻylamagan edi. Shu sabab hujra oʻrtasida oʻtirgan Devonaning bu qilmishidan choʻchib, orqasiga tisarildi. Tashqariga chiqdiyu pastga yugurdi.

Soy boʻyida bir oz salqinlab qaytgan Aqida qizining gʻoyib boʻlganini bilib, tashvishdan oʻzini qoʻygani joy topolmay turganda Umidaning oʻzi koʻrindi. Shu boʻyi qizaloq onasining qattiq nazoratiga oʻtib, kechga qadar hovlidan bir qadam siljimadi.

Shomda, oʻrtadan dasturxon yigʻilib, Umida uxlab qolgach, Aqida eriga uning bugungi qilmishini aytib berdi.

Dilmurod Umidaning «jasorati»ni Saboxondan eshitgan, shuning uchun xotinining hayajonli gaplarini xotirjam tinglardi.
— Men uni uxlayapti, deb bemalol yursam, bir juvon «Mana shirinchangiz», deb kirib keldi.
— Qanaqa juvon olib keldi?

Aqida erining qitmirligi tutganini sezdi-da, qaldirgʻoch qanotidan nusxa olgan qoshlarini sal chimirib: «Koʻhlikkina, chiroylikkina...» — deb kesatib, bu ham yetmaganday, «siz bop ekan», — deb qoʻshib qoʻydi.
— Otini bilmadingizmi? — dedi Dilmurod jilmayib. U bir savol bilan xotinining qitigʻiga tekkan, endi olovga jindak moy sepmoqchi edi.
— Bildim. Havoxon dedimi, Saboxonmi, shunga oʻxshash. Koʻchasini ham aytdi. Yangangizga darrov xabar qilsangiz, kelib bir oy supurib turardilar.
— Shuginami?
— Yana nima kerak edi?
— Menga salom aytmabdi-da?
— Aytdi. Sogʻinib-sogʻinib salom, dedi.
— Mana bu boshqa gap. Siz u bilan yaxshiroq tanishib oling Zerikmaysiz.
— Shunaqa deng... Oʻzingiz ham... ketganimdan keyin zerikmassiz?
— Balki...
— Qachonla tanishib oldingiz?
— Kecha, kelishimiz bilan.
— Yoʻlingizga koʻz tikib oʻtirgan ekan-da, bechora!
— Shunaqa desa ham boʻladi... Shifoxonada hamshiralik qilar ekan.
— Xudo beribdi. Hali koʻzlari kesak teryatuvdi, sizni qidirgan ekan-da. Bu yerga ham kelib turar endi.
— Kunda besh mahal kelmoqchi.
— Hm... menga desa ming marta kelsin.
— Yoʻq, faqat besh marta keladi.
— Kelaversin.
— Nimaga besh marta keladi, deb soʻramaysizmi?
— Soʻramayman. Menga nima?
— U besh marta namoz oʻqigani keladi.
— Namoz? — Yolgʻondan arazlayotgan xotin enda chindan ajablandi.
— Ha... Etagimda namoz oʻqiydi.
— Namoz oʻqishga boshqa joy qurib ketibdimi? — xotin labini burib kuldi.
— Ha, qishloqlarida arzirli joynamoz topilmas ekan. «Siz pokizalikda farishtaning oʻzi ekansiz», deb sigʻinib kelmoqchi.

Aqida kulib yubordi. Eriga mushtumini koʻrsatib, nozli poʻpisa qildi. Dilmurod xushsurat yigit boʻlgani uchun Aqida uni hammadan rashk qilardi. Rashkini qanchalik pinhona tutishga urinmasin, ayollarga xos ojizlik tuygʻularini koʻpincha fosh qilib qoʻyardi. Alqissa, sevishgan er-xotin uchun rashk ham darkor. Lekin u quyushqondan chiqdimi tamom, oshga zahar tushadi, muhabbat chinnisi darz ketadi, halovat buziladi. Dilmurodga Aqidaning rashk qilishi yoqardi. Rashk avvalo kuchli muhabbat belgisi. Xotin erni qizgʻandimi, demak, qattiq sevadi. Er uchun yana nima kerak? Aqidaning birgalashib kelishi ham bejiz emas-da!

...Rhaq Dilmurod bilan Aqidani dastlab koʻrgandayoq ularning chehralaridagi parishonlikni ilgʻagan, bu yerga besabab kelishmaganini sezgan edi. Dilmurod bilan suhbatlashgach, uning koʻzlariga boqib, boshiga tushgan tashvishdan ogoh boʻldi. Dilmurod «Meditsina texnikumini tugallagan Mirzavoy»ga darrov elakisha qolmadi. Tanishgan chogʻlarida ota-onasining vafot etganlarini, oʻzi yetimxonada tarbiya koʻrib, soʻng ToshMIni tugallaganini aytdi. ToshMIda professor Razzoqov degan donishmand olimning etagini tutgani, uning qiziga uylangani, ruhiy xastalarni davolashda yangilik yaratmoqchi ekanini esa yashirdi. Dilmurodning ichki sirlari boshqalar uchun pinhon edi. Ammo bu borada hech qanday toʻsiq bilmaydigan Rhaq, oʻsha tanishgan kunlariyoq, professor Razzoqovning tuhmatga uchrab xalq dushmani sifatida hibsga olingani, oqibatda ilmiy izlanish uchun Dilmurodning imkoniyatlari qirqilgani, qaynotasining yaqinlari maslahatiga kirib Aqida bilan xoʻjakoʻrsinga ajrashgani, «yoʻl qoʻygan xatolarini yuvish uchun eng uzoq qishloqqa oddiy vrach boʻlib kelganini» bilib oldi. Yolgʻondan ajralishsa ham bu qilmishlari uchun ich-etlarini yeb yurishlari, bir-birlariga gʻoyat mehr-oqibatli ekanliklari Rhaqni hayajonga soldi. U ham uylanib, xotini bilan koʻp yil birga turdi. Farzand koʻrdi. Ammo ular orasida hech mahal bunday yaqin, iliq munosabat boʻlmagan. Er-xotinni bir-biriga bogʻlab turadigan mehr ipi ham bunchalar pishiq emasdi. Rhaq Yerga avval kelganida xotinini koʻp esga olgan boʻlsa-da, biroq, vujudida unga intiluvchi, oshiquvchi qaynoq kuch uygʻonmagan edi. Rhaq Dilmurodni oʻz oʻrniga qoʻyib koʻrdi. Yoʻq, bu yigit hech qachon xasta xotinini tashlab, uzoq safarga otlanmasdi. Aqidaniku, aytmasa ham boʻladi. «Aqalli uch-toʻrt kun birga turay», deb shundan-shunga kelibdimi, demak, erini beqiyos mehr bilan ardoqlar ekan. Agar ularga Tang sharoiti yaratib berilsa-chi? Vujudlaridagi eng samimiy tuygʻular oʻrniga: «Yuksalish uchun ishlash, ishlash uchun yuksalish kerak, boshqa narsalarni oʻylash, hissiyotga berilish taraqqiyot yoʻlidagi eng dahshatli gʻov!» degan tushuncha singdirilsa-chi! U holda Dilmurod xotini bilan chinakamiga ajralishardi. Aqida esa bu yerga kelmasdi. Umuman, ularning Lukndan farqi qolmasdi.

Rhaq Yerdagi turmushni kuzatib, uygʻonishning bahoriy fasli endi boshlanib, daraxtlar gullagan choqda qorga tutilganini bildi. U odamlar ongidagi oʻzgarishlarni sezgan, hayotning salbiy koʻrinishlari, Shoazizga oʻxshagan kishilarning oqibatda zarba yeyishlarini ham bilib turardi. Biroq, unga qadar oradan yillar oʻtishi, odamlar shu vaqt mobaynida zohiran goʻzal va toʻkin, botinan esa asabiy hayotning tirnoqlari orasida koʻp dard chekishlari lozimligini ham tushunardi. Orzu qilgani, kutgani taraqqiyot necha oʻn yil ortga surib tashlangani ham sir emas edi unga. Eng nodir aql egalari xalq bagʻridan yulib olingan. Xalq bu qoʻrquvlardan qutulib yana uygʻonguncha koʻp vaqt kerak. «Bunaqa voqea hatto Tangda ham yuz bermagandir», deb oʻylardi u. Shularni oʻylagani sayin battar qaygʻurardi.

Dilmuroddan ajraladigan biotok oqimi Rhaqni taajjubga soldi. U dastlab Salimxoʻja bilan Sabohiddinni koʻrganda shu holga tushgan edi. Biotok oqimining bu darajada kuchli boʻlishi oʻsha shaxsning oliy idrok egasi ekanidan dalolat beradi. Salimxoʻja buni amalda isbot etmoqchi, idrokini toʻgʻri yoʻlga qaratmoqchi edi, yarim yoʻlda ildiziga bolta urdilar, Sabohiddin ham qoqildi. U adashmaganida ulugʻ alloma boʻlishi mumkin edi. Afsuski, muhit uni boshqa yoʻlga burib yubordi. Dilmurod Rhaqqa butunlay boshqa olam boʻlib koʻrindi: aql-farosati, e’tiqodi, haq yoʻlni ajrata bilish uchun uning e’tiborini tortdi.

Rhaq koʻp narsani bilmaydigan kishi boʻlib Dilmurodga yaqin yurishga ahd qildi.

Tuygʻuning Uygʻonshi

Togʻda tong qushlarni emas, balki qushlar chugʻur-chugʻur bilan tongni uygʻotadi. Ufq picha oqargach, kunchiqarda ivirsib yurgan bulutlar chekkasi qizardi. Keyin qip-qizil boʻlib quyosh koʻrindi. Ana shunday sehrli, latofatli lahzalarni eshakning hangrashi buzdi. Avval betoqatrogʻi oʻpkasi toʻlib astoydil hangradi. Keyin qishloqning hali u-hali bu yeridan birin-ketin «hasratdosh»larning hangrashi keldi. Yumushi borlar oʻrinlaridan turib, ishlariga ketdilar, bekorchilar esa, bir gʻijinib olib koʻrpani boshga tortdilar-da, uyquni kelgan joyidan davom ettirdilar.

Kun yorishishi bilan Asqaralining uyida ham jonlanish sezildi. Ichkari uydan avval Asqaralining ovozi keldi. U xotiniga nimadir deb tayinlab, choyxonaga chiqib ketdi.

Dilmurodning uyqusi oʻchib oʻrnidan turdi-da, hovli etagidagi soy boʻyiga tushdi. Muzdek havodan vujudi entikib ketdi. Yarim-yalangʻoch boʻlib yuvingach, oʻzini qushdek yengil sezdi. Kayfiyati ham koʻtarildi. Katta xarsangga suyangancha quyoshning koʻtarilishini kuzatdi.

«Qishloqda hayot osuda, shoshilmay kechadiganga oʻxshaydi, — deb oʻyladi u. — Shaharda kun qisqadek tuyuladi. Arzimagan ishlarni ham bajarib ulgurmaysan. Tabiatning bunday sehrini kuzatish esga ham kelmaydi. Yoki odam shaharga koʻnikib borgani sayin tabiatdan uzoqlasharmikan? Yoʻq, bunday boʻlishi mumkin emas. Axir insonning tabiatdan uzoqlashishi — halokat bilan barobar-ku? Agar bu hol yuz bersa, odamlarning oʻzaro munosabatlarigacha oʻzgarib, Yer hayoti qil ustida boʻlib qoladi-ku? Bunga yoʻl qoʻyish mumkinmi? Inson tabiatning farzandi. Farzand ona mehridan uzoqlashsa, bu mehrdan qonmasa vahshiylashadi. Inson — tabiatning eng ongli farzandi — oʻz onasi koʻksiga pichoq qadarmikan? Balki ba’zi erkatoylarga oʻxshab onasining jindek xafa qilib turar. Lekin ertami-kechmi esini yigʻib olishi shart!»

Soyning narigi sohili boʻylab oʻtgan, tuproq koʻpchib yotgan koʻchada oyogʻiga eski kalish kiygan, toʻqim urilmagan eshakka minib olgan podachi koʻrindi. U Dilmurodga koʻzi tushishi bilan qulluq qilib salom berdi. Dilmurod, garchi soyning shovqini bosib ketsa-da, ovoz chiqarib alik oldi. Podachi yana qulluq qilib yoʻlida davom etdi. Hovlida ayollarning ovozi eshitilgach, Dilmurod iziga qaytdi.

To nonushta qilib boʻlishguncha kun yoyildi. Dasturxon yigʻilmay turib Umida burama qanddan ikkitasini oldi-da, etagiga yashirdi. Asqaralining xotini buni koʻrib kulimsiradi. Aqida esa uyatdan yonib ketay deb eriga qaradi. Dilmurod: «Qani, koʻraylik-chi, nima qilarkin», degandek xotirjam bosh irgʻadi. Umida, harakatimni sezishmadi, deb oʻylab oʻrnidan turdi-da, koʻcha eshigi tomon yurdi. Shundagina Aqida oʻzini tutib turolmay hay-hayladi. Onasiga e’tibor bermay eshik ogʻziga borib qolgan Umidaga avval Dilmurod yetib keldi.
— Qaerga bormoqchisan? — deb soʻradi u, qizini qoʻlidan ushlab.
— Koʻchaga, — dedi Umida ayyorlik bilan.
— Yur, birga boramiz.
— Oʻzim boraman.

Dilmurod sergak tikilib turgan Aqidaga bir qarab oldi-da, qizining qulogʻiga shivirladi:
— Ayang bilib qolsa, uyga qamaydi. Men bilan chiqsang, aytgan joyingga boramiz. Ayangga «doʻxtirxonaga ketyapmiz», degin.

Umida ma’qul ishorasini qilib, onasiga qaradi:
— Ayajon, men doʻxtirxonaga borar ekanman, — dedi bidirlab.

Aqida ota-bolaning niyatini anglab, norozi qiyofada bosh tebratdi, ammo qarshilik qilmadi.

Rhaq qoʻl ushlashib kelayotgan ota-bolani ochiq chehra bilan qarshilab, Umidani suyib koʻtardi. Ichkaridan Asqarali chiqib, Dilmurod bilan omonlashdi.

Samovarxonada hech kim qolmagani uchun bir choynak choyni maydalab gurung qilishdi. Umida bu «sergap» odamlardan bezib, pastga tushdi.
— Devonaga qand bermoqchi, birga borishga va’da qiluvdim,— dedi Dilmurod qiziga qarab.
— Bolaning qalbidek pokiza narsa yoʻq bu yorugʻ dunyoda, — dedi Asqarali oʻychan qiyofada. — Devona koʻnglida mehr uygʻotibdi-da, shuning uchun unga yaxshilik qilmoqchi. Doʻxtir inim, meni aytdi dersiz, Xudo xohlasa qizingiz ulgʻayganda odamlarga yanayam mehribon boʻladi.
— Aytganingiz kelsin, Asqarali aka. Axir, odamni odamga bogʻlab turadigan narsa shu mehr-oqibat-da.
— Shunaqa-yu, ammo buni hammamiz ham tushunib yetavermaymiz. Bolaligimizda barcha koʻzimizga yaxshi boʻlib koʻrinadi. Keyin bora-bora odamlarni xillarga ajratamiz. Unisiga egilamiz, bunisini tepkilaymiz. Mana, shu Devonani qarang. U ham Xudoning bir bandasi. Aytgan ishingizni qiladi, birovga ozor yetkazmaydi. Lekin yotib-turishi itdan xarob. Buni hammamiz koʻramizu parvo qilmaymiz. Oqibat degani bunaqa boʻlmaydi-da.
— Asqarali aka, Devonaning hech kimi yoʻqmi?
— Yoʻq. Devona bu yerlik emas.
— Qaerdan kelib qolgan?
— Doʻxtir inim, buni oʻzim ham tayin bilmayman. Ammo bir odamga oʻxshataman. Bosmachilar davrida Norxoʻjaning qarorgohida bir mullani koʻrgan edim. Novqatlik edi, chamasi. Ismi Sabohiddinmi, yo boshqami, eslolmayman, ammo oʻshanga oʻxshataman. Devona kolxoz tuzilmasdan ilgari paydo boʻlgan bu yerda. Keyin uni bir ayol izlab keldi. Nazarimda, singlisi boʻlsa kerak. Devona uni tanidi, chamamda. Ikkovlashib ketishdi. Lekin yil oʻtmay Devona yana bu yerga qaytib keldi.
— Novqatdan dedingizmi? Bu yerdan uzoqmi?
— Ana shu togʻning orqasida. — Asqarali shunday deb roʻparada qorayib turgan togʻni koʻrsatdi.
— Bizdan oldingi doʻxtir uni tuzatishga unnab koʻrmaganmi? — dedi Dilmurod.
— Be, esi butunlarga ogʻrinib qarardi-yu, nima deyapsiz? — Asqarali kulimsiradi. — Dimogʻi osmonda edi. Bekorga qaramasdi. Odamlar hammasiga indamay keldi-yu, omma Fotma kampirning echkisini olganda chidab turolmadi. Kampirni yara bosgan ekan deng, u zangʻar dori keltirib beraman, deb mushtiparning echkisini olibdi. Dumini tugib yubordik. Mana endi, sizlar keldilaringiz...

Bu gapni eshitib, Dilmurodning badani muzlab ketdi. Nazarida, Asqarali tagdor gapirib: «Oʻzlaring ham odamlarni oʻsha doʻxtirday shilarsizlar, a?» demoqchi boʻlardi. Dilmurod kalovlanib oʻrnidan turdi. Qizining kutayotganini bahona qilib, pastga tushdi. Rhaq unga ergashdi.

Devonaning qachon, qaerdan kelganini hech kim aniq bilmas edi. Uni dastlab mozorboshida koʻrdilar. Keyin u pastga tushdi. Samovarxona atrofida aylanib yuradigan boʻldi. Goʻrkovning omonat hujrasida yashay boshladi. Uning ismi ham, kimligi ham qishloqdagilar uchun qorongʻi edi. Ba’zan gʻudranib, ba’zan kulib, ba’zan yigʻlab yuradigan bu kimsaga hamma oʻzicha nom bergan edi. Kim «Devona», kim «Moʻylov jinni», kim «Mozor jinni» deb atardi. Bolalar esa oddiygina qilib «Jinni» deb chaqirishardi.

Devona beozor edi. Qishloqdagi hojatmandlarning, samovarchining yumushini bajarib, nonini halollab yerdi. Samovarxonadan bir necha marta joy qilib berishsa ham turmadi. Mozorga chiqib ketaverdi.

Bir kuni goʻrkov uni yoniga chaqirdi. Qoʻliga ketmon berib «kavla» dedi. Devona ketmonni qoʻrqibgina ushladi. Goʻrkovga xavotir koʻzi bilan qaradi. Keyin titroq qoʻllari bilan ketmonni nari otib yubordi-da, yigʻlamsirab orqasiga tisarildi.

Hammaning yumushini beminnat bajarib yuruvchi Devona, bir necha marta zoʻrlasa ham, goʻrkovning aytganini qilmadi.

Mol kirmasin uchun atrofi shox-shabba bilan oʻralgan qabriston qishloqdan uncha uzoq emas. Ikki togʻ orasidan shiddat bilan oqib chiquvchi katta soy qabriston etagidan xarsang toshlarga bosh urib oʻtadi. Devona yashaydigan xujra soydan ellik qadamcha balandda. Uning bisotida kimdir rahm qilib bergan (yoki avvalgi goʻrkovdan qolgan) eski koʻrpagina bor. Hujradan mozordagi har bir qabr yaqqol koʻrinib turadi. Quyosh togʻ choʻqqilari ortiga oʻtib, toshlar qoraya boshlagan paytda Devonaning turar joyiga kelgan yuraksizroq kimsani vahima bosishi mumkin.

Tun... Sukunat... Oʻliklar maskani... Barglarning shivirlashi... Tanho devona...

Devona esa vahimali tundan choʻchimas edi.

Ba’zan, samovarxonada koʻrinmagan kezlari, u hujra yonidagi xarsangda choʻnqayib oʻtirgancha mozorga tikilardi. Xuddi muhim bir narsani oʻylayotgandek boʻlardi. U dafn marosimlariga barcha qatori xuddi esi butun odamday qatnashardi. Tobut koʻtarardi, yetti qadam sanab yurardi, pichirlab bir narsalar derdi. Mozorga kelgach, bir chekkada sukut saqlab oʻtirib, tilovat qilinishini kutardi. Marosim tugagach, hech kimga e’tibor qilmay, hujrasiga kirib ketardi. U faqat Xoʻja piyonning janozasida qatnashmagan edi. Saharda samovarxonaga tusha turib, daraxtga oʻzini osib qoʻygan Xoʻja piyonni koʻrganu orqasiga qaytib, ikki kun hujrasidan chiqmay yotgan edi.

Bolalar Devona bilan oʻynashni yaxshi koʻrishar, ammo ota-onalarining gaplariga quloq solib, unga koʻpam yaqinlashishmasdi. U bolalarga poʻpisa qilganda, koʻpincha moʻylovini burab «melisaga bervoraman», deb gʻudranardi. Devona bu gapni ba’zan kattalarga ham aytardi. Kecha kayfdan koʻzlari qizarib turgan yigitga shunday dedi-yu, baloga qoldi...

Devona hujrasida koʻrinmadi. Dilmurod eshikni lang ochib, tagiga tosh qistirdi-da, ichkari kirdi. Boʻyra ustidagi yigʻilmagan koʻrpaning bosh tomonida yotgan sariq bir narsa ularning diqqatini tortdi. RhaqMirzavoy engashib uni qoʻliga oldi.
— Budyonovkami? — dedi Dilmurod unga yaqinlashib.
— Ha... Koʻp urinmagan...
— Bir paytlar qizil askar boʻlganmikin?
— Asqarali aka «mulla edi», deyapti-ku?

Shu payt tashqaridan kimningdir sharpasi keldi. Uchovi baravar eshik tomon qarashdi. Ostonada Devona koʻrindi. Umida yugurib uni qarshiladi. Qoʻlidagi burama qandlarni unga uzatdi.
— Oling, sizga opkeldim.

Devona xuddi Umidani koʻrmagandek, gaplarini eshitmagandek tek qotib turar, koʻzini Dilmurodning qoʻlidagi qalpoqdan uzmas edi. Umida hayron boʻlib dadasiga yaqinlashdi.
— Bu dadam, bu Mirzavoy amakim, tanimaysizmi?

Devona yana indamadi. Bir qadam, keyin yana bir qadam bosdi. «A... a...a...» deganicha qalpoqni yulqib oldi. Orqasiga tisarildi. Boshi kesakiga urildi. Qalpoqni bagʻriga bosgancha, ichkaridagi kishilardan koʻz uzmay, yigirma qadamcha chekindi. Soʻng xarsangga oʻtirdi. Shunda ham nigohini ulardan olmadi.
— Ketaylik, — dedi Rhaq asta. Dilmurod bosh irgʻadi.
— Manavini bermaymizmi? — dedi Umida katta odamlarning «qiligʻiga» tushunmay.
— Keyin, ertaga kelganimizda berarsan.

Ular orqalariga qaray-qaray pastga tushib ketishdi. Kutilmagan mehmonlar daraxtlar panasida koʻzdan yoʻqolmaguncha, Devona tosh ustida qimirlamay oʻtirdi.

Ular Umidani uyga qoʻyib, shifoxonaga kirishlari bilan eshik asta ochildi. Ostonada avval roʻmolining bir uchini tishlab olgan ozgʻin, rangpar ayol, keyin oʻn ikki yoshlar chamasidagi yumaloqqina bola kirib keldi. Ayol salom berdi. Bola indamadi. Koʻzlarini pirpiratib, dam oq xalatini kiyib ulgurmagan Dilmurodga, dam qoʻlini yuvib, sochiqqa artayotgan Mirzavoy-Rhaqqa qarab turaverdi.
— Keling, yanga, nima gap, tinchlikmi? — dedi Rhaq ayolning salomiga alik olgach.
— Bevaqt kelibmiz shekilli, — dedi ayol xijolat tortib.
— Juda vaqtida keldingiz. Xoʻsh, nima boʻldi, tobingiz qochdimi?
— Xudoga shukr, oʻzim sogʻman. Manov jiyaningiz...— ayol bolaga ishora qildi.
— Ie, polvon, bu qanaqasi boʻldi? Qani, beri kel-chi, — Rhaq-Mirzavoy bolaning peshonasini, keyin bilak tomirini ushlab koʻrdi. — Issigʻi yoʻq. Qani, koʻylagingni koʻtar-chi, Dilmurod amakisi, bir eshitib koʻring, polvonimizning qaeri ogʻriyapti ekan?

Dilmurod hali bolaga yaqinlashmay turib ayolning soʻnik ovozi eshitildi:
— Oʻzi sogʻ. Hech qaeri ogʻrimaydi. Faqat... faqat tildan qoldi.
— Tildan qoldi?! Nimaga?
— Nevlay, chora koʻringlar deb olib keldim.
— Necha kundan beri gapirmayapti?
— Oʻn kunmikin...
— Shu tobgacha qaerda edingiz?
— Oʻtib ketarmikin, debmiz-da.
— Chilyosin oʻqitmadinglarmi? — dedi Dilmurod kesatib.
— Oʻqitdik, hammasini qilib koʻrdik. Boʻlmadi, — dedi ayol soddadillik bilan.
— Bola ilgari qattiq kasal boʻlganmidi?
— Yoʻgʻ-a, bolam bechoraning boshi yostiqqa tegmagan sira.
— Biron narsadan qoʻrqmadimi?
— Qoʻrqibdi-da. Dadasi toʻnlarini daraxtga ilganlaricha qolavergan ekan. Ashi oydinda koʻziga boshqacha koʻrinibdi.
— Shunga shunchami? Qani, tilingni chiqar-chi? Barakalla. Hech xavotirli joyi yoʻq. Mana, Toshkentdan kelgan amakisi birpasda tuzatib qoʻyadi. Qani, amakingga qarab qoʻy-chi, koʻrdingmi, Toshkentdagi eng katta doʻxtir bu kishi. «Professor» deganlarini eshitganmisan? — Bola bosh irgʻab, tasdiq ishorasini qildi. — Shu amaking professor. Maskovda oʻqib kelgan. Sendaqalardan mingtasini tuzatib yuborgan. Ukol ham qilmaydi, dori ham ichirmaydi. Sen qoʻrqma. Amakingning aytganini qil. Qani, Dilmurodjon, shu polvonni ham gapirtirib yuboring. Evaziga bir chiroyli ashula aytib beradi. A, aytib berasanmi?

Bola bosh irgʻadi. Dilmurod Mirzavoyning maqsadin tushundi: Mirzavoy uning maqtovini keltirish bilan bola yuragida umid uchqunini yoqib qoʻygan edi. Dilmurod kecha gap ustida professor Razzoqovning ish usullari haqida hikoya qilganida shunga oʻxshash voqeani ham aytgan edi. Mirzavoy hozir uni shu usulni qoʻllashga undab tavakkal qilyaptimi? Axir, Dilmurod sira bu ishga qoʻl urmagan-ku! Nima qilish kerak? Gʻisht qolipdan koʻchdi. Endi tomoshani ustalik bilan davom ettirishdan oʻzga chora yoʻq.
— Qani, mana bu yerga oʻtiring-chi. Tilingizni chiqaring. Barakalla. Koʻzlaringizni ham koʻrib qoʻyay-chi,— Dilmurod uning mijjalarini qayirdi, soʻng boshini uqalagan boʻldi. — Ogʻrimayaptimi? — Bola yoʻq ishorasini qildi. — Toʻrt marta oʻtirib turing. Yaxshi, yoting. Mirzavoy aka, derazaga parda qoqish kerak boʻlib qoldi-ku?

To pardalar tutilguncha Dilmurod bolaning qoʻl-oyoqlariga, boshiga ishdan chiqqan eski elektrokardiografning simlarini bogʻladi. Soʻng fonendoskopni bolaning yuragiga olib borib, eshitgichni uning qulogʻiga taqib qoʻydi.
— Yurakning urishini eshityapsiz-a? Hozir qorongʻi boʻlgach, asbobni burayman. Keyin «Sanang!» deyman. Ichingizda yettigacha sanaysiz. Tushundingizmi? Ovoz chiqarib sanamang tagʻin. Keyin ozgina dam olib sakkizgacha, ozgina sabr qilib toʻqqizgacha, soʻng oʻngacha sanab, menga «boʻldi», deysiz. Asbobni oʻchirishim bilan ayangizni chaqirasiz. Xoʻpmi?

Bola tasdiq ishorasini qilish paytida ovoz chiqardi. Dilmurodning ichiga chiroq yoqilgandek boʻldi. Xona qorongʻilashdi. «Sanang», deb buyurdi Dilmurod. Sukunat choʻkdi. Dilmurod ham oʻzicha sanadi. Bolaning ovozi chiqishi kerak. Jimlik. Bola qimirladi. Gapirolmayapti. «Boʻoʻ... d» ... Dilmurod ishlamaydigan asbobning murvatlarini shaqillatib buradi. Yana jimlik. «A... a...» Dilmurod bolaning yoniga keldi.
— Gapirolmayapsizmi? Qoʻrqmang. Tezda ayangizni chaqiring, boʻlmasa simlar oyogʻingizga sanchiladi... — Dilmurod shunday deb uning tizzasiga asta igna sanchdi.— Chaqiring. — Bola yana «A...a», deb ovoz chiqardi. — «Aya», deb chaqiring. Tez boʻling! — Dilmurod endi ignani qattiqroq sanchdi. — Tez boʻling deyapman!

U yana igna sanchaman deganda bola «Aya!» deb baqirib yubordi. Mirzavoy pardalarni tushirdi. Ayol turgan yerida oʻzini tutolmay: «Aya, degan tillaringdan aylanay», deb piqirlab yigʻlardi. Dilmurod simlarni oldi.
— Qani, turing-chi, otingiz nima?
— Ka... ka... gʻim... bbegʻdi...
— Karimberdimi? Barakalla. Ana, tilingiz chiqdi. Endi qoʻrqmay gapiravering.
— Doʻxtir amakigaa nima deyish kerak? — dedi Rhaq-Mirzavoy, bolaning yelkasiga qoqib.
— Gʻ..gʻgʻah..mat.
— Ana endi ayangizga, yuring, ketdik, deb ayting.

Bola ayasini qoʻlidan ushladi.
— Yu...gʻing, k...ket...dik.
— Ana, yanga, Karimpolvon sogʻaydi. Endi ajina, ajina, deb yoʻq narsalarni tilga olib bolani qoʻrqitavermanglar. Koʻproq gapirsin. Tili yurishib ketadi. Ikkinchi irim-sirim qilib yurganlaringni eshitsam, doʻxtirxonaga yaqinlashtirmayman. Toshkentday joydan sizlarni deb katta doʻxtir kelib oʻtiribdi-yu, sizlar chala mullaga qoʻy soʻyib, ziyofatni begona qilib yuribsizlar.
— Voy, bir emas, oʻn qoʻy sizlardan aylansin. Dadasiga aytaman, poyondoz solib kutib olamiz.
— Endi buyogʻini qoʻya turing. Bir yoʻla Karimpolvonning toʻyida hisob-kitob qilamiz.

Ayol qayta-qayta rahmat aytib chiqib ketdi. Dilmurod stulga holsiz oʻtirdi.
— Pichoqsiz soʻydingiz, aka. Yuragimni bir eshitib koʻring, toʻxtab qoldi shekilli.
— Hayajonlandingizmi?
— Yana soʻraysiz-a? Ish oʻngidan kelmasa, nima degan odam boʻlardik. Yana «professor» deb tanishtirdingiz-a?
— Bu usulni kecha oʻzingiz maqtagan edingiz-ku?
— Toʻgʻri maqtaganman. Lekin hali shakllanmaganini ham aytganman-ku. Bemorni hech boʻlmasa bir-ikki kun tayyorlash kerak edi.
— Oʻzim qoyilmaqom qilib tayyorlab berdim-ku. Assistentlarning piri boʻlsam ham arzir ekanmi?
— Ishongim kelmayapti. Bunday tajribaning oʻndan birigina muvaffaqiyatli chiqishi mumkin edi.
— Tavakkal ham qilib turish kerak, — dedi Rhaq kulimsirab. U Dilmurodni bu ishga atayin undagan, ayni paytda, Dilmurod pand yeb qolmasin, deb gipnozga shay turgan, bu usul foyda bermagan taqdirda bolaning miyasiga biotoklar oqimini yoʻllab, tilga kiritmoqchi edi. Rhaq bu muolajadan soʻng Dilmurodning obroʻyi oshajagini bilar, alqissa, unga xuddi shu kerak edi.

Dilmurodning hayajoni bosilmay turib, xonaga Asqarali kirib keldi. Rhaq uning chehrasiga qarab, bir oz sarosimada ekanini sezdi.
— Doʻxtir inim, sizlarga bir yumush chiqib qoldi,— dedi u uzun kursiga omonat oʻtirib, — mening bir qiyomatli oshnam bor. Ishoq buqoq degan odam. Unaqa askiyachi, unaqa qiziqchi yetti iqlimda yoʻq. Shu oshnam ogʻirlashib qolibdi. Hozir nevarasi aytib ketdi. Oʻzingiz bir borib koʻrmaysizmi? Tunovida Mirza inim dori-darmon qilib beruvdilar. Birgalashib borsanglar...

Hayallamay yoʻlga chiqishdi.
— Oshnangizning yuraklari baquvvat ekan, — dedi Rhaq-Mirzavoy soy ustiga solingan koʻprikdan oʻtayotib. — Ochigʻini aytsam, men oʻsha kuni uzilsalar kerak, deb oʻylovdim.
— E, bu odamni azob yegan. Bosmachining qaerdaligini aytasan, deb yertoʻlaga qamab, ustidan suv bostirishgan ekan. Boʻlmasa, kamida yuz yil yashaydigan quvnoq odam edi, — dedi Asqarali afsuslanib. — Ularning ajdodida sakson-toʻqsondan kam yashagan odam boʻlmagan. Otasini sakson yettida yerga qoʻyishgan. Rahmatli polvon odam edi. Paygʻambar oshini tortgandan keyin ham uloq chopardi. Azroilning changalidan qutulish mumkin edi-yu, ammo uning changalidan uloqni ajratib olib boʻlmasdi. Hoʻkizni chertib qulatadigan kuchi boʻlsa ham sira kurash tushmasdi. Keyin sababini bilsam, yigitlik chogʻida bir polvonni ezib, mayib qilib qoʻygan ekan. Shu-shu birovga ozor bermay oʻtib ketdi, rahmatli. Ishoq buqoq ham otasiga oʻxshaydi. Chivinga ozor yetkazganini bilmayman.
— Dunyoning ishlari qiziq, — dedi Dilmurod Asqaralining gaplarini eshitib. — Kuchli odamlarning bagʻri ham keng boʻladi. Katta polvonlar zaiflarni sira xafa qilmaydi. Ziyolilarda ham shunday oʻtkir iste’dod egasi boshqalarga yaxshilik qilish uchun hamisha vaqt topadi, birovga halaqit bermaydi, faqat qoʻllaydi. Ilm atrofida adashib, oʻralashib yurganlar esa butun vaqtini, kuchini, oʻzini aqlli qilib koʻrsatish uchun chiranishga sarflaydi. Jimgina sarflasa ham mayliga, boshqalarning asabi, tinchini buzish hisobiga kun koʻradi.
— E, Dilmurodvoy, inim, bu hamma yerda bor kasal.
— Olimlarning koʻpi odamdagi chap miya qobigʻi asosiy, oʻngdagisi unga yordamchi, mustaqil faoliyati yoʻq, odamning iste’dod darajasini ana shu chap miya belgilaydi, deyishadi. Men esam odamlarning chap miyasi kam shakllangan deyman.
— Ularda chapi ham oʻngi ham shakllanmagan, deyavering, — Asqarali shunday deb qoʻl siltadi.

Rhaq Dilmurodning gapini eshitiboq, maqsadini aniqladi. Dilmurod odamlarning chap miya qobigʻiga «dominant», oʻng qobigʻiga esa «subdominant» deb sifat berishiga qarshi edi. U isbotga kuchi yetmasa ham, oʻng qobiq oddiy simmetriya emas, ya’nikim, asosiy hisoblanadigan qobiqqa butkul boʻysunmaydi, uning oʻziga xos mustaqil yumushi bor, deb oʻylardi. Professor Razzoqov Dilmurodning bu fikrini toʻla quvvatlamasa ham tajribalariga yordam berardi. Umuman, odamlarning xatti-harakati, xastalikka nisbatan chidami bilan qobiqlar haqidagi bu gʻoyaning nomutanosib ekani oydin boʻlsa-da, koʻpchilik bundan koʻz yumar, ochiq fikrlashdan choʻchirdi. Chunki, uzoq yillar mobaynida mutloq hokim boʻlib kelgan gʻoyani notoʻgʻri deyish, haqni isbot etish «Marksizmga zid fikrlovchi olim» tavqi la’nati ostida qamalish, hatto otilish uchun qadam qoʻyish demak edi. Holbuki, bu gʻoyaning oʻzgarishi koʻp kasalliklarni davolashga yoʻl ochib berishi mumkin edi. Rhaq Dilmurodning xayolida yashirinib yotgan bu toʻgʻri fikrni oʻqib, yana bir bor xursand boʻldi.

Olmazorni oralab oʻtib, kichik yalanglikka chiqishdi. Oʻrtada pastak uy. Oldi ayvon, uyning chap biqinida qiyshiq tandir. Bahaybat oʻrik shoxlari yalanglikka koʻlanka solib turibdi. Oʻrikka bogʻlangan eshak boshini eggancha qimir etmaydi. Ahyon-ahyonda dumi bilan xira pashshalarni haydaydi. Bu ham ta’sir etmagach, orqa oyoqlari bilan depsinadi. Atrofida oʻralashib yurgan uch-toʻrt tovuq eshakning bu qiligʻiga parvo qilmaydi.

Ishoq ota ayvonda, eskirgan namat ustiga toʻshalgan koʻrpada shiftga tikilgancha yotardi. Koʻzlari botiq, yonoqlari turtib chiqqan. Mushtdek buqogʻi iyagiga tiralib turibdi. Et suyakka yopishgan, qimirlashga majoli yoʻq. Otani yelpib oʻtirgan kelini mehmonlarni koʻrib, oʻrnidan turdi.
— Keldimi? — soʻradi ota zaif tovushda.
— Yoʻq... Asqarali togʻa bilan mehmonlar kelishdi.
— Darrov dasturxonga qarang, qizim.

Asqarali doʻstining qoʻlini olib, hol soʻradi.
— E, soʻrama, u dunyoga bir borib, bir qaytib kelyapman, — dedi ota zaif ovozda.
— Shu yotishingda u dunyoga borib kelyapsanmi, a? — dedi Asqarali gapini hazilga burib, uning koʻnglini koʻtarish uchun. — Balosan, buqoq, balosan. Menga qara, u dunyoda kimlarni koʻrding. Enangdi koʻrmadingmi?

Ishoq ota doʻstining koʻngli uchun jilmayishga harakat qildi. Soʻng ixranib boʻlsa-da, javob berdi:
— Yoʻq, seni enangdi koʻrdim.
— Nima dedi, kelib tursin, demadimi ishqilib?
— Yoʻq, indamadi... — Ishoq ota tamshandi. Ammo soʻzi chala qolmasin uchun oʻzini majbur qilib gapini davom ettirdi: — Enang jannat bilan doʻzaxning naq oʻrtasida... U yoqqa oʻtganlarning ham, bu yoqqa oʻtganlarning ham yuzini chakichlab oʻtiribdi...

Asqaralining choʻtirligiga shama qilib aytilgan bu qochiriqdan hamma miriqib kuldi. Ishoq ota ham rangiga bir oz qon yugurganday boʻlib, jilmaydi.
— Olding, buqoq, olding. Ana, aytdim-ku, bunaqa askiyachi yoʻq, bu dunyoda deb, — dedi Asqarali, oʻzini kulgidan tiyolmay. Keyin, hazil-mutoyibani davom ettirishga otaning majoli yoʻqligini bilib, muddaoga koʻchdi. — Toshkentlik doʻxtir oʻgʻling, ota bilan birga otamlashaylik, deb keldi.
— Ha, mehmon boshlamasa, oʻzingcha kelay ham demaysan. Nevaralaring omonmi, ishqilib. Ha, Xudo toʻzim bersin. Mehmonlarni zeriktirib qoʻymayapsanmi?
— Mehmonlar ish bilan ovora. Mehmonligi qolmadi. Manavi doʻxtir oʻgʻling: «Shuncha yil yurib, Ishoq otanikidek baquvvat yurakni koʻrmagandim, oh-voh qilib yotishlari nimasi?» deyapti.

Ishoq ota yana jilmayishga harakat qilib Mirzavoy-Rhaqqa qaradi.
— Men «Ishoq otangizning dardlari boshqa tomonda. Toshkentga kuyov qilmasangiz boʻlmaydi», dedim.
— Tegishasan-a? — dedi ota. Unga Asqaralining hazili ma’qul kelgan, yuragida yana askiyaga mayl uygʻotgan, lekin uni tilga chiqarishga endi qurbi yetmas edi.
— Qani, inim, kuyov toʻraning yuraklariga yana bir qoʻl solib koʻringchi, sizga nima der ekan, — dedi Asqarali Dilmurodga qarab.

Ota koʻrpa ustida majolsiz choʻzilib yotgan oʻng qoʻlini salgina koʻtardi:
— Kerakmas.

Dilmurod savol nazari bilan Asqaraliga qaradi. Asqarali hech narsa boʻlmagandek gapni boshqa tomonga burdi:
— Abdulhay qani?
— Raisni yoʻqlab ketdi.
— Raisni nima qilarkan?
— Men ayttirdim. Ikki ogʻiz soʻzim bor.
— E, bu errayimga soʻz hayf, ovora boʻlganingga arzimaydi.
— Yoʻq, aytib ketishim kerak. Nasihat bizdan lozim. Omma sizlar ehtiyot boʻlinglar, sopi oʻzimizdan chiqqan.

Asqarali mehmonlarga qaradi.
— Eshitganmisiz?
— Nimani?
— Sop haqidagi rivoyatni?
— Yoʻq.
— Buqoq, doʻxtir oʻgʻillaring bu hikmatdan bexabar ekan, aytib ber.
— Oʻzing aytaqol, ogʻzim quruqshab ketdi.

Asqarali piyoladagi choyni otaning ogʻziga tutdi. U ikki yutum ichib, tamshandi.
— Bir oʻrmonda Bolta paydo boʻlib, daraxtlarni birin-sirin qiyrata boshlabdi, — dedi Asqarali piyolani joyiga qoʻyaturib. — Daraxtlar keksa Chinorning oldiga maslahat soʻrab kelishibdi. «Bolta deganlaring nima, temirmi?» deb soʻrabdi Chinor. «Ha», deyishibdi daraxtlar. «Dastasi-chi, dastasi ham temirmi?» — debdi Chinor. «Yoʻq, — deyishibdi daraxtlar. — Sopi ogʻochdan». «Ie, sopi oʻzimizdan ekan-ku, endi dodimizni kimga aytamiz?» — degan ekan Chinor.
— Xalqimiz xoʻp donishmand-da. Bunday hikmat tushimga ham kirmagan edi, — dedi Dilmurod hayajonlanib.

Daraxtzor orasida ikki kishining sharpasi koʻrindi. Oldinda rais, orqaroqda Abdulhay.

Abdulhay suv sepilgan yerdan oʻtayotib oyogʻini tap-tap urdi-da, etik changini qoqdi.
— Kelishdimi? — deb soʻradi ota boshini burishga harakat qilib.
— Ha, kelishdi, — deb javob berdi Asqarali.

Salom-alik, hol-ahvol soʻrashishdan soʻng, ota raisga murojaat qildi.
— Mamarayim, inim, ishing koʻp boʻlsa ham chaqirtirdim, xafa boʻlma.
— Xafaligi bormi, oʻzim ham kelaman, deb turuvdim. Dalaning ishi qaynab ketdi, bilasiz-ku... Oʻzingiz tuzukmisiz ishqilib, rangingiz durust, koʻz tegmasin.
— Xudo deb yotibmiz, inim. Senga aytadigan soʻzim bor edi. Gapimni boʻlmay eshit: bir kishining uch oʻgʻli bor ekan. Vaqti-soati yetganini sezgan ota merosini kimga qoldirishni bilmay boshi qotibdi. Keyin bolalarini sinash uchun ularni uch tomonga yuboribdi: «Odamlarga bittadan yaxshilik qilib qaytinglar», — debdi. Ishoq ota rivoyatning davomini eslamoqchi boʻlganday jimib, koʻz yumdi. Asqarali sergaklanib, uning peshonasiga kaftini qoʻydi. — Suv ber, oshnam,— dedi Ishoq ota tamshanib. Labini hoʻllab olgach, koʻzini ochib davom ettirdi. Aytadiganini aytib olishga shoshilib, bu safar tezroq gapirdi: — Kattasi bilan oʻrtanchasi otaning amrini bajarib, tezda qaytibdi. Biri nogiron kishining, biri ojiz kishining yumushini beminnat bajarib beribdi. Ammo kenja xiyla hayallab qaytibdi. Buning uchun akalaridan dakki eshitib, yerga qarabdi. Soʻng otasiga hisob beribdi: «Dada, falonchini bilasiz-a, ashaddiy dushmanim, har lahzada jonimni olish uchun payt poylaydi. Otasi sizning dushmaningiz edi. Ketayotsam, ashi tikka jarning yoqasida uxlab yotibdi. Bir agʻdarilsa, jarga qulab oʻladigan. Men uni uygʻotib yubormaslik uchun sekin-sekin surib, chetga olib qoʻydim». Oʻshanda ota quvonib, merosini kenjasiga qoldirgan ekan... Asqarali, choydan... Umring uzun boʻlsin, oshnam... Qissadan hissa shuki, bobolarimiz eng razil dushmaningga ham yaxshiligingni ayama, degan. Men bu gaplarni oʻzim toʻqiganim yoʻq. Togʻangdan eshitganman. Har jumada shunaqa ibratli va’z aytardi. Donishmand odam edi, ba’zi gʻalamislar soʻzi bilan bekorga quloq boʻlib ketdi, bechora.
— Bizning urugʻda unaqa ruhoniylar boʻlmagan, quloqlar ham, — dedi rais jahl bilan.
— Achchigʻing chiqmasin. Togʻangdan nima uchun tonayotganingni bilib turibman. Hali zamon tinchib ketadi. Qarindosh-urugʻdan kechish yaramaydi.
— Qoʻying bu gaplarni!

Asqarali «Tek oʻtir, rais!» deb turtib qoʻydi. Mamarayimning sholgʻomsifat yalpoq burni oqarib, taram-taram peshonasida ter koʻrindi. Tumtayib oldi.
— Agar bironta odamga yaxshilik qilish qoʻlingdan kelmasa, hech boʻlmasa, yomonlik qilma. Bu ibratni ham togʻangdan eshitganman. U, balki, togʻang emasdir, balki chindan ham sen aytganday «xalq dushmani» boʻlgandir. Ammo haq gaplarni aytib ketgan. Shu ibratlarga amal qilsang, baraka toparding.
— Men shu topgacha birovga yomonlik ravo koʻrganim yoʻq. Boʻlsa shu kolxozga boʻlsin, deb jonimni jabborga beryapman. Bitta toʻnim hali ikki boʻlgani yoʻq.
— Durust... Birovga yaxshilik qilaman deysanu koʻngliga ozor berib qoʻyasan.
— Nima, meni tergash uchun chaqirganmisiz?
— Yoʻq, — dedi Ishoq ota, - ikki ogʻiz nasihatim bor. Aslida, men seni qargʻashim lozim edi. Lekin buning foydasi yoʻq... Shamolda shildirayotgan makkayining barglarimi?
— Ha.
— Ilgari makkayining oʻrni nima edi?
— Bogʻ edi.
— Men bu bogʻni yigirma yil parvarish qilgan edim. Xudo umr bersa, anavi tepalikni ham bogʻ qilaman, degan umidim bor edi. Atti bogʻ qilish Abdulhayning chekiga tushgan ekan. Baraka topsin. Sendan ilinjim shuki, inim, rais boʻlsang, odil rais boʻl. Koʻp bilan kengashib ish yurit. Bogʻlarni xazon qilma, uvoli tutadi. Gunohi oʻzingga urmasa, bolalaringga uradi.
— Bogʻingizni buzdirgan boʻlsam, tashlab qoʻyganim yoʻq. Bogʻdan foyda kam kolxozga. Makkayining foydasini yeb yotibsizlar-ku!
— Makkayiga boʻlak joy qurib ketgan edimi?..

Ishoq ota shunday deb jerkidi-da, yana koʻzini yumdi. Asqarali unga choy tutdi. Ishoq ota tamshan-di-yu, choydan ichmadi. Asqarali piyolani Abdulhayga uzatib, «suv bering», dedi keyin «paxta ham» deb pichirladi. Ota koʻzini ochdi. Bu safar raisga qaramay shiftga tikilib gap boshladi:
— Dovonda muzlab qolgan odamlarni koʻrgan edim. Tik qilib qoʻysang, xuddi tirik odamga oʻxshaydi... Sen ham oʻsha murdalarga oʻxshab qolma. Sirtida jon boru ichi oʻlik odamlar xalqning qargʻishiga qoladi-ya!

Rais gʻazabdan boʻlgʻilsa ham, oʻzini tutdi. Jon taslim qilay deb yotgan qariya bilan olishishga jur’at etmadi. Uning bosh egib oʻtirganini koʻrgan Ishoq ota ham gapni kalta qildi. Abdulhay otasining imosi bilan kosalarda shoʻrva keltirdi. Asqarali orada hech qanday ogʻir gap oʻtmaganday gurungni boshladi. Rais ham sal ochilib, kolxozga yangi traktor undirayotganini aytib, maqtandi. Abdulhayning bogʻiga oqsoqollar hordiq chiqaradigan shiypon qurdirajagini bildirdi. Keyin otaga sihatlik tilab, chiqib ketdi.

Rais ketgach, Ishoq ota gapirmay, koʻzini bir ochib-bir yumib, tamshanib yotdi. Shom qorongʻisi tushganda Abdulhayni chaqirdi.
— Bolam, omonatimni topshirguday boʻlsam, bogʻingga qoʻy, bogʻingni qoʻriqlab yotay, devdim, esingdami?

Abdulhay bosh irgʻadi.
— Oʻylab qarasam, shayton vasvasasiga uchgan ekanman. Yolgʻiz yotishdan Xudo asrasin ekan. Koʻpning orasiga qoʻyaver. Raisga insof berib, bogʻingga shiypon qursa, koʻpning duosini olasan. Ana shu duo arvohimga madad boʻladi, bolam...

Asqarali Mirzavoy-Rhaq bilan Dilmurodga ruxsat berdi. Ammo ular shu yerda qolish istagini bildirishdi.

Ayvonga bir sidradan koʻrpacha tashlab yotdilar. Biroq koʻzlari ilinavermadi. Oy tikkaga kelganda ot tuyoqlarining ovozi eshitildi. Otliqlar qabriston tomonga oʻtdilar. Dilmurod bir Asqaraliga, bir Mirzavoyga qaradi-yu, tungi otliqlar haqida soʻramadi. Qabristonga qarab yotaverdi. Tepalikda Devonaning hujrasi qorayib turibdi. Bir ozdan soʻng qabristonda qora sharpalar koʻrindi. «Otliqlarmi?» deb oʻyladi Dilmurod. Yana Asqaraliga qaradi-yu, soʻrashga botinmadi. Otlarning kishnashi eshitildi. Dam oʻtmay qabristonda olov koʻrindi.
— Uyqungiz kelmayaptimi? — deb soʻradi Asqarali uning bedorligini bilib.
— Qarang, oʻt yoqishyapti.
— Mozordami? Ha, Abduholiqning urugʻlari boʻlsa kerak?
— Nimaga bunday qilishyapti?
— Irimi shunaqa. Bir oiladan ketma-ket odam oʻlaversa, tunda qabrlarga ot soladilar. Oyogʻi yozilmay qolgan murda odam chaqirarmish. Ot oʻshaning qabridan oshib oʻtolmas ekan. Oʻsha murdani yo qiymalab chopadilar, yo yoqadilar.
— Biz tomonlarda murdaning oyogʻini uzatib qayta koʻmishadi. Bu yerdagisi dahshat-ku!
— Dahshat deysizmi? Yoʻq, bu ota-bobolarimizdan qolgan odat.
— Shu bilan oʻlim toʻxtaydimi?
— Ba’zan toʻxtaydi.
— Axir oʻlimning ketma-ket kelishi avloddan-avlodga oʻtuvchi kasalliklar natijasi-ku?
— Buni biz tushunmaymiz, inim... — Asqarali shunday deb yonboshga oʻgirildi. Shu bilan suhbat ham tugadi.

Gulxan ancha vaqtgacha yonib turdi.

Ishoq otaning joni tongda uzildi. Uning uzilganini sezmay qolishdi. Beozorgina jon berdi...

Atrofi oq mato bilan oʻralgan tobut yerdan uzildi. Ayollar yuzlarini timdalab, faryod koʻtardilar. Abdulhay lahadga tushib otasini qoʻyayotganda, Asqarali toʻnining etagini ochib davra aylandi. Odamlar bir siqimdan tuproq olib, pichirlab duo oʻqib, kuf-suflab etakka tashlashdi. Hammadan chekkaroqda oʻtirgan Devona ham tuproq oldi-yu, joyidan jilmadi. Asqarali buni sezib unga yaqinlashdi. Devona duo oʻqimayoq bir kaft tuproqni etakka tashladi-da, unga qarab tirjaydi.

Asqarali toʻplagan tuproqni lahadga toʻkdi.
— Devonaga borganing nimasi edi? — dedi goʻrkov norozi ohangda.
— U ham odam-ku...

Goʻrkov lahad ogʻziga guvala terib boʻlgach, Ishoq otaning yaqinlari ketmonni qoʻlma-qoʻl olib qabrga tuproq tortishdi. Bu manzarani bir chetda turib kuzatayotgan Rhaq oʻyga toldi: mana shu tumonat odam ichida Ishoq otaning qarindoshlari ham, yetti yot begonalar ham bor. Toʻgʻri, ularning barchasi koʻz yosh toʻkib , bir xilda qaygʻurishmayapti. Ba’zilar otaning qoʻlidan, hatto bir piyola choy ichmagan, hamsuhbat boʻlmagan, salom-alikdan nariga oʻtmagan. Ammo ular ham kuyinishyapti. Bir odam bolasining bu dunyoni tashlab ketganiga achinishyapti. Erta-indin mana shu tuproq tortayotganlardan biri qarimi, yoshmi koʻz yumsa ham shu hol takrorlanadi. Odamlar uning oʻlimidan kuyunadilar. Mana, hatto Rhaqning oʻzi ham achinyapti. Achinyapti? Qiziq, axir unda bunday his sira uygʻonmas edi-ku? Hatto oʻgʻli, xotini uchun ham bu qadar achinmagan edi. Nahot odamlarning tuygʻulari unga ham oʻtayotgan boʻlsa?

Talvasa

Gala-gala qoʻngʻir bulut osmonni artib, uzoqdagi choʻqqilar tomonga oʻtib ketdi. Ikki kundan beri oʻsha yoqda uzluksiz chaqmoq chaqadi, momaqaldiroq gumburlaydi. Vodiy tomondan kelgan bulutlar goʻyo yordamga shoshayotgandek qishloq osmonidan tez suzib oʻtadi. Momaqaldiroq qattiq jaladan darak berar, ammo tabiatning bu bemavrid ehsonidan qishloq hozircha holi edi. Faqat kunning tafti qaytib, kechalari ancha salqin boʻlib qoldi.

Tamakining barglari uzun kanoplarga terilib, shoda-shoda qilib qoʻyilgan. Sargʻayib qolgan shodalar erta-indin olinadi. Qogʻoz kabi tekislab, bittadan taxlab, omborga joʻnatilgach, koʻchalar huvillab qolgandek boʻladi. Qor isi kelib, daraxt barglari umrini yashab, xazonrezgi boshlanadi. Keyin qor tushadi. Hamma uyiga tiqiladi. Tongotargacha davom etuvchi gap-gashtak boshlanadi.

Asqarali tamaki barglarining shodalariga qaragancha shularni oʻylab borardi. Uning mashqi ancha past. Yarim qadam orqada kelayotgan Dilmurod buni sezib, hamrohini gapga tutmadi. Guzarga yetishgach, Asqarali Dilmurodni choyga taklif qildi. Dilmurod tunda bir qarorga kelgan, hozir Mirzavoy-Rhaqqa maqsadini ayon aytmoqchi edi. Shu sababli Mirzavoy samovarxonada koʻrinmagach, shifoxonaga oʻtishni ma’qul koʻrib, Asqaralining taklifini yerda qodirdi. Asqarali buni koʻngliga olmadi. «Picha turib choyni oʻzim olib chiqaman», deb tosh zinadan yuqoriga koʻtarildi.

Dilmurod ichkariga kirganda Rhaq Fid bilan xayolan bahs qilib oʻtirardi. Keyingi kunlarda koʻrgan-kechirganlari, oʻzi sezmagan, holda, achinish hissini uygʻotgan va bu xayoliy bahsga turtki boʻlgan edi. U Dilmurodni koʻrib, oʻrnidan turdi. Hol-ahvol soʻradi. Keyin oraga jimlik choʻkdi. Dilmurod gapni nimadan boshlashni bilmay kalovlandi. Keyin dangal maqsadga koʻcha qoldi.
— Men siz bilan maslahatlashmoqchi edim, — dedi u sukutni buzib.
— Agar mendan biror aqlli gap chiqishiga ishonsangiz, marhamat, — Mirzavoy shunday deb jilmaydi. Biroq bu jilmayish yuzidagi oʻychanlik pardasini koʻtara olmadi.

Tashqarida supurgi ushlagan Saboxon koʻrindi. Dilmurod oq xalatini kiygach, titilib yotgan charm divanga oʻtirdi. Rhaq deraza yonidagi stulni divanga yaqinroq surdi.
— Men Devonani davolashga urinib koʻrmoqchiman.— Dilmurod, gapim qanday ta’sir etdi ekan, deb hamsuhbatiga tikildi. Rhaq Dilmurodning ruhiy xastaliklar boʻyicha mutaxassis ekanini, Devonani dastlab koʻrgandayoq uni davolamoqchi boʻlganini sezgan edi. Ammo hozir uning qarashidagi ma’noni anglab, kutilmagan xabar eshitgan odamdek atayin hayratlandi.
— Shu moʻylovnimi? — dedi goʻyo ishonqiramay.
— Ha, oʻshani. Ammo bu ishni bir oʻzim uddalay olmayman. Siz yordam bera olasizmi?
— Menmi? Men-ku, jon-jon deb koʻmaklashaman. Lekin... umrimda... bunaqa ishlarga aralashmaganman. Oʻzingiz bilasiz, texnikumning ta’limi bilan...
— Ha, texnikumda juda sayoz bilim berishadi. Hechqisi yoʻq. Men qoʻldan kelgancha oʻrgataman.
— Rahmat, Dilmurodjon.
— Demak, rozisiz. Lekin bu hozircha ikkalamizning oʻrtamizda sir saqlanishi kerak. Chunki ishimizning oqibati hali noma’lum. Meni kutib olganingizda, katta chamadonimni koʻrib: «Butun Toshkentni koʻtarib kelganmisiz?» — degan edingiz. Oʻsha chamadonda oʻzim yasagan bir yangi asbob bor. Unga TET — Toshkent elektron tabibi, deb nom qoʻyganman. Men bu yerga ikki maqsadda kelganman: birinchisi — tashqi muhitning, turli voqea-hodisalarning inson ruhiyatiga ta’siri, toʻgʻrirogʻi, ruhiy kasalliklarni keltirib chiqarishini chuqurroq oʻrganish, ikkinchisi, iloji boʻlsa, TETni sinab koʻrish...

«Qaynotasining hibsga olinganini yashiryapti. Axir, bu yerga kelib qolishining asosiy sababi oʻsha-ku? Buni mendan qachongacha yashirar ekan?» — deb oʻyladi Rhaq. Ammo sir boy bermay, oʻzini bilmaganga oldi.
— Birinchi maqsadingiz-ku, tushunarli, ammo ikkinchisi asossiz, — dedi u.— Nima, tajriba uchun Toshkentda jinni yoʻqmi? Undan keyin, yangi asbobni avval hayvonlarda sinab koʻrish kerak shekilli? Bu oʻz-oʻzidan boʻladigan ish emas-ku!
— Toʻgʻri, oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Avvalo TETni hayvonlarda sinab boʻlmaydi. Chunki hayvonlarning jinnisi boʻlmaydi. Ilmiy kengash barcha ma’lumot va xulosalarimni tahlil etib, uni tajribada sinashga ruxsat bergan. Jinni masalasiga kelsak, ruhiy kasallar klinikaga tushganlarini oz boʻlsa-da, his etadilar. Ular toʻrt devor orasida yashashni istamaydilar. Ozodlikka intiladilar.
— Esi borlar intilmaydimi? Ozodlik hammaga ham yoqadi.
— Klinikadagi bemorlar bilan ozodlikda yurganlari oʻrtasida farq bor.
— Yaxshi. Unda bemalol sinab koʻravering.
— Qanday sinayman? Avval Devonaning qarindoshlari bilan tanishib, kasallik tarixini aniqlashim kerak.
— Ha, ahvolingiz ogʻir, ogʻayni. Ayrim tahlillarni olish ham mushkul. Elektroentsefalografiya uchun markazga borish kerak. U yerda ham imkon bormi, yoʻqmi, bilmayman.
— Ba’zan boʻgʻilib ketaman-da, Mirzavoy aka, shu narsa yuzaga chiqqaniga salkam yigirma yil boʻldi-ya! Yigirma yildan beri uni qoʻllash tuzukroq yoʻlga qoʻyilmagan.
— Siz boʻgʻilavermang. TETingiz yaxshi natija bergan taqdirda ham uni barcha yerda qoʻllanishiga erishish uchun yana yugurasiz. Kashfiyot qilishga nisbatan uni ommaviy qoʻllashga erishish ogʻirroq.
— Nega shunday? Axir, odamzot yangilikka chanqoq-ku?
— Dunyoda oq rangdan tashqari qorasi ham bor. Yangilikka chanqoqlik bilan loqaydlik qoʻshni boʻlsa, nima deysiz? Loqaydlik koʻlankaga oʻxshagan narsa — chopib ham, koʻmib ham boʻlmaydi.

Dilmurod oʻrnidan turib deraza oldiga bordi. Saboxon tarvaqaylab oʻsgan tolning soyasida bir juvon bilan gaplashib turibdi. Dambadam Dilmurod tomonga qarab qoʻyadi. Atayin qarayaptimi yo Dilmurodga shunday tuyulyaptimi?

Rhaq Dilmurodning yoniga kelib yelkasiga qoʻl tashladi.
— Boʻgʻilgan bilan ish bitmaydi. Devorga duch kelsangiz, boshingiz bilan urib teshib oʻtmaysiz-ku. Devorning yonida aylanma yoʻl ham boʻladi.
— Mumkin emas-da, Mirzavoy aka!
— Bilib qoʻying, hatto qonunlar ham mutlaq emas, oʻzgarib turadi.
— Yozilmagan qonunlar ham bor-da.
— Hatto ular ham vaqti-soati bilan tahrirga muhtoj boʻlib qoladi. Sezib yuribman, kelganingizdan beri jinniga razm solasiz. Unga allaqachon diagnoz ham qoʻygandirsiz.
— Taxminan qoʻydim.
— Qanday diagnoz?
— Total esipastlik — diffuz dementsiya sindromi. Bosh miya poʻstlogʻining diffuz zararlanishi. Xotira, diqqat, nutq, tahlil, xulosa chiqarish, tanqid qilish, umuman, aqliy faoliyat qobiliyati ishdan chiqqan.
— Masala ravshan ekan, tajribani boshlayvering.
— Qanday qilib boshlay? Asbob uzoq masofadan ta’sir etmasa, jinnini bu yerga olib kelib, yotqizib boʻlmasa...
— TETingizning ishlash jarayonini aytib bering-chi, bir ilojini topamiz.
— Bemorni yotqizib ensasiga, orqa miyasiga elektrodlar qoʻyish kerak. Keyin quyi chastotali kam kuchdagi impuls tok bilan miya toʻqimalarini qitiqlab uygʻotamiz.
— Tushundim. Demak, elektr bilan talvasaga tushiramiz.
— Yoʻq, unday emas. Odam a’zolariga bunday qoʻpol aralashuvni biz eng soʻnggi chora deb bilamiz. Men unga butunlay qarshiman.
— Retrograd va aterograd amneziyalar tipidagi xotira yoʻqoladi, demoqchimisiz?
— Bugina emas, miya toʻqimalariga qon quyilishi mumkin. TET esa bunga yoʻl qoʻymaydi. U gippokampni yoki talamusni asta qitiqlaydi. Agar miyaning bu boʻlimlarida ma’lum darajada tormozlanish jarayoni mavjud boʻlsa, elektrodlarning qitiqlashi natijasida bu boʻlaklar miyaning umumiy ish jarayoniga bogʻlanadi.
— Psixiatr boʻlmasam ham maqsadingizga tushundim. Endi bunday qilamiz: jinni amakini shifoxonaga ishga olamiz. Qarshi emasmisiz?
— Qarshi emasman... Lekin...
— Demak, kelishdik. Xizmatdan soʻng Dilmurod Musaev rahbarligidagi vrachlar delegatsiyasi Moʻylov hazrati oliylarini lutfan ishga taklif etgani boradi. Ha, aytmoqchi, unga biron ism qoʻyishimiz kerak. Jinni, deb chaqirmaymiz-ku?
— Toʻgʻri, ism tanlashimiz zarur.
— Nima desak ekan... — Rhaq avvaliga «Sabohiddin» demoqchi boʻldi. Lekin bu bilan Devonani choʻchitib qoʻyishini bilib, xayoliga kelgan birinchi ismni aytdi: — Shopoʻlat! Boʻladimi?
— Shoh qilib yubordingiz-ku.
— Jinni oʻzini shohdek his qiladi-da...
— Nima, unda shunday maniya alomati bormi? Oʻzini chindan shoh his qiladimi?
— Buni bilmadim. Shunchaki aytdim-da. — Rhaq shunday deb Dilmurodning soddaligidan kulib, yelkasidan quchdi.
— Bu taklifingiz yaxshi. Ammo yana bir ish qilishimiz kerak. Novqatga borib kelmasak boʻlmaydi.
— Nimaga?
— Oʻsha yerda singlisi bor ekan-ku, uning tarixini bilishim kerak.
— Kerakmi yo shartmi?
— Shart. Siz Freyd degan olimni eshitganmisiz?
— Freyd? — Rhaq eslamoqchi boʻlgandek, oʻyga toldi. Avvalgi safar Yerga kelganda barcha olimlar qatori Freydni ham oʻrgangan edi. Freyd ta’limotini ayrimlar notoʻgʻri hisoblagani uchun Dilmurodning bu boradagi fikridan ogoh boʻlish niyatida: «Yoʻq, eshitmaganman», dedi.
— Hozir Gʻarbda freydizm tamal toshi boʻlib qolgan. Ular psixikani moddiy sharoitlar bilan uni tugʻdiruvchi sabablardan ajratib oʻrganadilar. Yana birovlari Freydni tahrir etib, shaxs takomilida muhitning ta’sirini yetakchi oʻringa qoʻyishadi. Lekin shaxs bilan muhit oʻrtasidagi oʻzaro aloqadorlikni butunlay inkor etishadi. Har ikkala yoʻl ham qip-qizil mantiqsizlikning oʻzi. Biz odam miyasi haqida bir qarashda juda koʻp, haqiqatda esa juda oz narsa bilamiz. Miyadagi kimyoviy reaktsiyalarda, hatto molekulalarda insonning oddiy his-tuygʻularidan tortib, ogʻir qaygʻularigacha jamlanadi. Shuning uchun ham bemor bilan vrach oʻrtasida mutlaq yaxshi munosabat va ishonch boʻlishi kerak. Biz xastalikning eng soʻnggi bosqichi bilan yuzma-yuz turibmiz. Palapartish ish boshlasak, pand yeymiz.
— Yaxshi, bu shartingizga ham koʻndim. Raisga giyoh terib kelamiz, deymizu Novqatga joʻnaymiz. Istasangiz, ertagayoq...
— Yoʻq, avval Devonani oʻzingiz aytgandek «ishga olaylik». Keliningiz bugun-erta, uyga qaytadi. Ularni kuzatay. Novqatga keyin boramiz.

Oqshomda ikki doktor Devonaning makoniga qarab yoʻl oldi. Samovarxonada emasmikin, deb guzardan oʻtdilar. Devona hujrasida ham yoʻq edi. Rhaq atrofga alanglab Dilmurodni chaqirdi.
— Qarang, — dedi u soy tomon ishora qilib.

Soy boʻyida Devona bilan Umida oʻtirardi. Umida yerda toʻp boʻlib turgan toshchalarni bir-bir olib kaftiga toʻplar, Devona esa qiziqsinib, qizchaning qoʻlidagi toshchalardan koʻz uzmas edi. Umida oʻyin qoidasi boʻyicha barcha toshlarni kaftiga toʻplagach, Devonaga tutdi. Devona uquvsizlik qilib toshchalarni sochib yubordi. Umida arazlagandek yuzini burdi. Devona qizchaning ranjiganini anglab, irgʻib oʻrnidan turdi-da, suvga tushib toshchalar terdi. Keyin oʻz ishidan mamnun boʻlib, suv ichida irgʻishlab, rangli toshchalarni koʻz-koʻz qildi.
— Onasi gʻaflatda qolganga oʻxshaydi, — dedi Dilmurod bu manzarani kuzata turib. Keyin bosh chayqab qoʻyib pastga tusha boshladi. Umida otasini koʻrdi-da, hayiqqanicha turib qoldi. Soy oʻrtasida irgʻishlayotgan Devonaning yuzidan kulgi yoʻqoldi.
— Hormang, Shopoʻlat aka, — dedi Rhaq ularga yaqinlashib. — Izlamagan yerimiz qolmadi. Umida qizimizni zeriktirmayapsizmi ishqilib? Qani, bu yoqqa chiqing-chi.

Devona «Shopoʻlat aka kim ekan», degandek yon-atrofga qarab asta qirgʻoqqa chiqdi.
— Qayoqqa qarayapsiz? — dedi Rhaq, — Shopoʻlat akani qidiryapsizmi? Shopoʻlat aka oʻzingiz-da. Otingiz Shopoʻlatmi, axir?
— Ha, ha. Shop... Shopoʻlat, — Devona shunday deb kuldi.
— Qani, qoʻlni bering.

Devona Mirzavoyning kaftiga shapillatib urdi-da, rohat qilib kuldi.
— Ana endi Umidaning dadasi bilan ham koʻrishib qoʻying-chi... Devona Dilmuroddan bir oz hayiqib qoʻl uzatdi.
— Gap bunday, Shopoʻlat aka. Samovarxonada ishlab zerikkanga oʻxshaysiz-a?
— Ha, ha. Zerikdim. Zerikdim. Hi-hi-hi...
— Endi bizning samovarxonada ishlaysiz.
— Ishlayman, ishlayman, hi-hi-hi...
— Mana shu kishi sizga xoʻjayin. Nima desa qilasiz.

Devona birdan sergak tortdi. Dilmurodga gʻalati qarash qildi.
— E, qoʻying-e, Shopoʻlat aka, kim aytadi sizni erkak deb. Bu kishi yashi odam. Urmaydi, soʻkmaydi. Umida yaxshi qizaloqmi, axir?
— Yaxshi, yaxshi, qiz... qizaloq, hi-hi-hi...
— Boʻpti-da. Dilmurod Umidaning dadasi-ku.
— Kelishdikmi? — dedi Dilmurod suhbatga aralashib.
— Kelishdik, kelishdik. Hi-hi-hi, — Devona shunday deb yana qoʻl tashladi.
— Ertalab turib, soch-soqolni oldirib, bizning samovarxonaga oʻting. Mana, sartarosh haqi.
— Hi-hi-hi... Samovarxona... hi-hi-hi... doʻxtirxona...

Dilmurod xayratlanib, Rhaq-Mirzavoyga qaradi. U Devona samovarxona bilan shifoxonaning farqiga bormasa kerak, deb oʻylagan edi.

Ertalab shifoxona eshigi oldida Devona bilan Saboxonni koʻrdilar.

Saboxon eshik oldini toʻsib olgan, Devona esa undan ikki qadam narida ishshayib turardi.
— Manovini qaranglar, ichkariga kirib olibdi. Zoʻrgʻa chiqardim. Endi ketmay, xira boʻlib turibdi.
— Chakki qilibsiz. Biz Shopoʻlat akani ishga qabul qilganmiz. Supurish-sidirish endi shu kishining yelkasida.

Saboxon bu gaplarni, hazilmi-chin ekanini ham bilmay, chetga chiqib yoʻl boʻshatdi. Devona «qoyilmisan?» degandek tirjayib, vrachlarning orqasidan ichkariga kirdi.

Bu orada quyosh irimiga bir yuz koʻrsatdi-yu, yana qora bulutlar qa’riga kirib ketdi. Shamol tuproq koʻchalarning changini toʻzitdi. Kesganbel tepasida momaqaldiroq qarsillagan paytda Umidani yetaklab Aqida kirib keldi. U ostonada turgan Saboxon bilan soʻrashdi. Umida Devona sari yurmoqchi edi, onasi bilagidan asta chimchilab, toʻxtatdi.
— Keling, singlim, — dedi Mirzavoy Aqidani qarshilab.

Aqida unga bosh irgʻab, eriga yuzlandi. Maqsadini aytishga taraddudlandi.
— Bizni kuzatib qoʻying, — dedi siniq ohangda.
— Qayoqqa? — Mirzavoy hayron boʻlib er-xotinga bir-bir qaradi.
— Uyga ketmoqchi edik, — dedi Aqida sal yumshoqroq ohangda. — Dadasi men narsalarni shay qilib kelgandim.

Er-xotinning jimib qolganini koʻrib, avval Saboxon, keyin Rhaq ham tashqariga chiqishdi. Devona gapi-gapiga qovushmayotgan bu odamlarga hayron qaradi-da, u ham asta chiqib ketdi. Aqida charm divanga oʻtirib, yuzini qoʻllari bilan toʻsganicha yigʻlab yubordi. Umida onasining bagʻriga kirdi. Dilmurod asta xotinini yelkasidan quchdi.
— Nima boʻldi, tinchlikmi?
— Boshqa chidolmayman, ketmasam boʻlmaydi. Dadamdan xabar olishim kerak...
— Shunga ham yigʻimi, men bir narsa boʻlibdimi debman.
— Hali koʻchada raisni koʻrdim. «Siz doʻxtirning qonuniy xotinimisiz?» deb soʻradi. «Ha», desam, «Hujjatiga qaraganda eringiz siz bilan ajralishgan ekan-ku», deydi. «Keyin yarashganmiz», deb qoʻya qoldim. Gʻalamisga oʻxshaydi bu raisingiz. Keta qolay, yana boshingizga balolar yogʻilmasin. Vaqt topsangiz, yanagi haftalarda xabar olarsiz...

Tashqarida shamol kuchaydi. Derazaga uch-toʻrt tomchi urildi. Dilmurod Aqidani yupatib, ertaga kuzatib qoʻyadigan boʻldi. Tashqaridan Asqaralining ovozi keldi. Dam oʻtmay tomoq qirib ichkariga kirdi.
— Bu yilgi chilla antiqa kelyapti, — dedi u choynak-piyolani stolga qoʻyaturib. — Kecha yuqorini sel olibdi. Qani, kelin, choyga qarang, bu yerda siz mehmonsiz.

Aqida qizargan koʻzlarini yerga qadab oʻrnidan turdi.
— Rahmat, choyni uyda ichamiz. Endi boraylik.
— Havoning avzoyi chatoq, chiqmay turing, — dedi Asqarali oradan noxush gap oʻtganini sezib.
— Oʻzim kuzatib qoʻyaman, — Dilmurod shunday deb oq xalatini yechdi-da, Umidani oʻradi. Guzardan oʻtishlari bilan jala quyib berdi. Suv koʻchani toʻldirib oqa boshladi. Ular qadamlarini tezlatdilar. Dilmurod bu ahvolda uzoq yura olmasliklarini bilib, xonadonlardan birida jon saqlamoq uchun eshikni ochay deganda, koʻchaning u betidagi baqaterak qarsillab sinib, ularning ustiga agʻdarila boshladi. Aqida jonholatda qichqirib, Umidaning qoʻlini behos qoʻyib yubordi. Uchovi ham tarvaqaylagan shoxlar orasida qoldi. Umida oʻrnidan turaman, deb timirskilanayotganda, yuqoridan ayqirib kelayotgan toʻlqin uni shoxlar panjasidan yulib oldi-da, oldinga surib ketdi. Sal naridagi devor panasida biqinib, bu voqeani dahshat bilan kuzatayotgan Devona xunuk bir ovozda baqirgancha, oʻzini suvga otdi. Toʻlqinlar bagʻrida bir koʻrinib, bir gʻoyib boʻlayotgan Umidaga intilib, uni bilagidan ushlab oldi. Sel toʻlqini to kuchdan ketgunga qadar ikkovini har kuyga soldi. Umida butkul hushidan ketdi. Devona holdan toydi. Duch kelgan butaga yopishib, Umidani qirgʻoqqa sudrab olib chiqdi. Odamlarning baxtiga sel uylarni olmay, tezda kuchdan qoldi. Jala tindi.

Agʻanagan baqaterakka yopishib jon saqlagan Dilmurod bilan Aqida bir necha daqiqalik bu dahshatdan oʻzlariga kelmay turib, xonadonlardan odamlar yugurib chiqdilar. Aqida atrofga telbalarcha boqib Umidani izladi.
— Qizim... Qizim! — deb baqirdiyu hushidan ketdi. Dilmurod ham oʻzidan ketar darajada edi.

Yetib kelgan Rhaq: «Oʻzingizni bosing, Umidani topamiz», deb toʻxtamasdan oʻtib ketdi.

Guzarga boraverishdagi yoʻl chetida oʻtirgan Devonani koʻrib, qadamini tezlatdi. Bora solib chalqancha yotgan Umidaning qornini bosib koʻrib, oyogʻidan koʻtardi. Qizchaning ogʻzidan suv keldi. Devona turib, indamay yurib ketdi.

Bu voqeadan soʻng Aqida koʻrpa-yostiq qilib oldi. Dilmurodning yurishga holi boʻlmasa ham sir boy bermadi. Ammo Asqarali bilan Rhaqning ra’yiga qarab, uyda oʻtirishga majbur boʻldi. Umida esa ertasigayoq oyoqqa turdi. Ota-onasining qattiq nazorati ostiga tushgan qizcha zerikib, oqshomda Asqarali buvasi bilan Mirzavoy amakisining kelishini kutardi. Asqarali uni erkalab, ertaklar aytib berardi. Ertak tugashi bilan Umida savol yogʻdirib tashlardi. Shunda Asqarali: «Doʻxtir inim, qizingizning tanglayini savol bilan koʻtarganmisiz?» deb kulardi. Bir kuni, kattalar choy ustida gurunglashib oʻtirishganida, Umida yugurib kelib Asqaralini savolga tutdi:
— Buva, buvajon, — dedi u entikib, — mushuk nimadan paydo boʻlgan, bilasizmi?
— Bilaman, qizim, bilaman. Mushuk arslondan paydo boʻlgan.
— Unda nimaga arslonmas, mushuk boʻlib qolgan?
— E, buning tarixi juda uzun, qizim. Ilgari mushuk ham arslon boʻlgan ekan. Hammalari bitta oʻrmonda inoq-ahil yasharkan. Kunlardan bir kuni oʻrmonda arsloncha tugʻilib, unga «Mushuk» deb nom berishibdi. Mushuk ulgʻaygan sayin oʻrmonda buyumlar yoʻqolaveribdi. Keyin, bilishsa, oʻsha Mushuk degan arsloncha oʻgʻirlarkan. Mushukni insofga chaqirishmoqchi boʻlishganda, u shunaqangi loʻlilik qilibdiki, asti qoʻyaverasan. Arslonlar qarashsaki, bu Mushuk insofga yurmaydigan. Oʻgʻri desa oʻgʻri, qoʻrqoq desa qoʻrqoq, nomard desa nomard. Xullas, hech bir tuki arslonga oʻxshamaydigan. Shundan keyin qari arslonlar kengashib: «Buning turqi boʻlakcha, ikki dunyoda chin arslon boʻlmaydi. Pushtimizni bulgʻaydi», degan qarorga kelib: «Shu turishingda unib-oʻsma», deb qargʻabdilar. Qargʻish tegib, mushuk oʻsmay qolgach, uni oʻrmondan haydab yuboribdilar. Shundan beri arslonlar ichida nomardlar, oʻgʻrilar paydo boʻlsa, «Mushuk boʻl», degan qargʻishga uchrab, mushukka aylanib qolaverar ekan... Tushundingmi, qaqajon?
— Tushundim, tushundim. Unda... — Umida bir oz oʻylandi. — It nimadan paydo boʻlgan?
— Itmi? Nimadan boʻlardi, boʻridan-da.
— Qanday qilib?
— Qadim zamonda bir oʻrmonda...
— Arslonlar yashagan oʻrmondami?
— Yoʻq, boshqa bir oʻrmonda boʻrilar yashar ekan. Ular erkin yashashni juda yaxshi koʻrisharkan. Odamlar yuz urinib, ming urinishsa ham boʻrilarni qoʻlga oʻrgata olmas ekanlar. Boʻrini tutib yaxshi ovqatlar bilan siylashsa ham, qiynoqqa solishsa ham boʻlmas ekan. Boʻrining oyoqlarini qayirib, sindirib tashlashsa ham, kaltaklashsa ham, oʻlsa oʻlar ekanki, ovoz chiqarib uvlamas ekan. Nima ham boʻlibdi-yu, bir kuni odamlar boʻri galasini oʻrab olib, ancha-munchasini qoʻlga tushirishibdi. Qoʻlga tushganlar orasida «It» degan boʻri ham bor ekan. Ozod boʻrilar sheriklaridan koʻngil uzolmay, baland qoyaga chiqib qarab turishibdi. Odamlar boʻrilarni bir chekkadan qiynay boshlashibdi. Koʻp boʻrilar oʻlib ketibdi. Navbat «It» degan boʻriga kelganda, u tayoq yemayoq dumini qisib vangillabdi. Shunda odamlar: «Bu boʻrida bir gap bor», deb unga yaxshi ovqat berishibdi. «It» degan boʻri ovqatni yeb, dumini likillatib, odamlarning oyogʻini yalabdi. Keyin ularni boʻrilar qarorgohiga boshlabdi. Ana oʻshanda boʻrilarning eng keksasi: «Kim oʻz erkini bir burda goʻshtga sotsa, it boʻlsin», deb qargʻagan ekan. Itlarning tarixi shunaqa... — Asqarali shunday deb jim qoldi.

Uning bu qisqa ertagi Rhak bilan Dilmurodga ham ta’sir etgan, ular piyoladagi choyni ichmay, sovutib oʻtirishardi. Ertakning ma’nosini u qadar chaqib yetmagan Umida esa koʻzini hiyol qisib yangi savol oʻylardi.
— Buva, buvajon, — dedi u nihoyat, — unda musicha nimadan paydo boʻlgan?
— Musicha burgutdan, baland ucholmagani uchun musicha boʻlib qolgan.
— Chuvalchang-chi?
— Ilondan.
— Unda... Odam nimadan paydo boʻlgan?
— Odammi? — Asqarali bir oz oʻylab turdi-da, kulimsiradi... — Buni bilmayman.
— Men bilaman, bilaman! — dedi Umida quvonganidan irgʻishlab. — Odam maymundan paydo boʻlgan!

Oʻtirganlar baralla kulib yuborishdi.
— Gaping toʻgʻri, toʻppa-toʻgʻri, — dedi Asqarali kulgidan namlangan koʻzlarini qiyiqchasining uchi bilan artib. — Senga oʻxshagan qaqajonlarning maymundan paydo boʻlgani aniq. — Asqarali shunday deb qoʻyib, «Ogʻir hazil qilmadimmi», degan havotirda Dilmurodga qaradi. Dilmurod bu hazilni oʻziga olmagan edi. Asqaralining koʻngli xotirjam boʻlib, Umidani bagʻriga tortib, peshonasidan oʻpib qoʻydi. — Qizim, bor-chi, sutosh pishganmikin? Pishgan boʻlsa ayt, olib kelishsin.

Umida «xoʻp boʻladi», deb yugurib chiqib ketdi. Dilmurod Asqaraliga qaradi.
— Asqarali aka, mushuk, it, musichaning ajdodlarini bilib oldik. Lekin odamnikini aytmadingiz?
— Buni chindan ham bilmayman, inim. Haligi ertaklarni buvam rahmatli aytib oʻtirardilar. Oʻshanda odamning ajdodi kim boʻlgan, deb soʻramagan ekanmiz. Bu savolni qizingizdan eshitib turibman.
— Umida rost gapirdi, Darvin degan bir olim odamning maymundan paydo boʻlganini isbotlab bergan.
— Bunisi bizga qorongʻi, inim. Menga qolsa, barchaning ajdodi maymun demasdim.
— Nimaga?
— Shuncha yil yashab, odamning har qanaqasini koʻrdim. Nazarimda, bir qism odam — siz aytganday, maymundan, bir qismi — burgutdan, bir qismi itdan, mushukdan, sichqondan, hatto eshakdan ham tarqagan.

Rhaq bilan Dilmurod qah-qah otib kulib yubordilar. Ularga Asqaralining oʻzi ham qoʻshilishdi...

Aqida bir yarim hafta deganda oyoqqa turdi. Turdiyu, yana ketishdan soʻz ochdi. Dilmurod unga qarshi soʻz aytmay, kechqurun safar tadorigini koʻrib qoʻydi. Saharda xotini bilan qizini olib markazga tushib ketdi. Qishloqdan chiqaverishda, yoʻl yoqasidagi qoʻngʻir xarsang ustida Devona choʻnqayib oʻtirardi. Onasi bilan mashina kabinasida oʻtirib borayotgan Umida uni birinchi boʻlib koʻrdi. Qoʻlini silkidi. Lekin Devona uni koʻrmadimi, har holda, joyidan jilmay, changitib oʻtgan yuk mashinasining orqasidan ma’yus tikilib qoldi. Keyin tuprogʻi koʻpchib yotgan yoʻlda iz qoldirib qabriston tomonga yurdi.

Rhaq uni uzoqdan kuzatib turardi. Devona hujrasiga kirib ketganini koʻrib, u ham qabristonga qarab ildam yurdi. Hujra eshigini ochib ichkariga bostirib kirdi. Koʻrpa ustida boshini eggancha chordana qurib oʻtirgan Devona sapchib oʻrnidan turdi-da, gʻalati ovoz chiqarib, orqasiga tisarildi. Keyin devorga singib ketgudek boʻlib bukchayib oʻtirdi.
— Sabohiddin! — dedi Rhaq u tomon yurib.

Devona «A... a!» deb baqirganicha boshini qoʻllari orasiga oldi.
— Sabohiddin! — dedi yana Rhaq qat’iy ovozda. — Qoʻlingni tushir. Menga qara. Yaxshilab qara. Tek oʻtir.

Devona uning buyrugʻini itoatkorona bajardi. Rhaq koʻzini unga qadadi. Devona nest boʻlib oʻtirib qoldi. Rhaq yana ham yaqinlashib koʻzining qorachiqlariga tikildi.

Oʻsha kuni Rhaqqa Devonaning hayotidan yana bir voqea ayon boʻldi.

Muzlim

Sabohiddin oqshomda, eski toʻn kiygan badqovoq koʻsa bir odamga ergashib, Margʻilonni tashlab chiqdi. Badqovoq kishi na oʻzini tanitdi, na Sabohiddinning kimligi bilan qiziqdi. Indamay yoʻl boshlab ketaverdi. Aftidan, u olgan koʻrsatmasini keragidan ham oshirib oʻrinlatardi. Sabohiddin tuni bilan yursak kerak, deb oʻylagandi. Yoʻq, qorongʻi tushishi bilan bir uyga qoʻnishdi. Xonadon egasi ham Sabohiddinni hayratga solib, salom-alikdan nariga oʻtmadi.

Tong otmay yana yoʻlda boʻlishdi. Kun yoyilmasdan Vodilga yetishdi. Xoliqberdi toʻraning qarorgohi shu yerda edi. Badqovoq odam miltiqli kishiga Sabohiddinni topshirdi-yu, oʻzi gʻoyib boʻldi. Miltiqli kishi Sabohiddinni daraxtlar orasida zoʻrgʻa koʻzga tashlanayotgan oʻtovga boshladi. Sabohiddin ichkariga kir-di-yu, oʻtovda oʻtirganlarning salobati bosib taraddudlanib qoldi. Keyin oʻzini qoʻlga olib, qiroat bilan salom berdi.
— Qadamingizga hasanot, — dedi toʻrda oʻtirgan kishi salomga qiroat bilan alik olgach. Sabohiddin qotmadan kelgan, xorij harbiylarining koʻylagini kiyib olgan kishini koʻrib, «Xoliqberdi toʻra shu boʻlsa kerak», deb unga ta’zim qildi.
— Qani, mulla Sabohiddin, marhamat qilsinlar, oʻtovimiz tor boʻlsa ham, bagʻrimiz keng, — dedi Xoliqberdi toʻra unga joy koʻrsatib.

Sabohiddin poygakroqdan joy olib oʻtirgandan soʻng davradagilarga, omonlashish maqsadida, bir-bir boqdi. Toʻraning yonida chordana qurgan qizil turkiy doʻppili Zayniddin qorini koʻrdi-yu, beixtiyor oʻrnidan turib ta’zim qildi. Keyin koʻzini yerga tikkancha: «Toʻram, volidangizni berib qoʻyibsiz, bandalik ekan...» deb hol soʻradi-da, qur’on tilovat qilib, savobini marhumaning ruhiga bagʻishladi.
— Mulla Sabohiddin kim boʻldi, deb oʻtiribman. Oʻzimizning soʻkir Saboh ekan-ku, — dedi qori tilovatdan soʻng oraga tushgan sukunatni koʻtarish maqsadida, keyin Xoliqberdi toʻraga yuzlandi, — Bu Jamol oʻrisning ukasi-da, taniysizmi?

Toʻra, bilaman, degandek bosh irgʻadi. Shu payt uchta laganda hovuri bosilmagan goʻsht koʻtarib kirishdi. Oʻtovni ziraning xushboʻy hidi tutdi. Taom kirgach, suhbatni bas qildilar. Sabohiddin ora-sira Holiqberdi toʻra bilan Zayniddin qoriga qarab qoʻyardi. Toʻraning nigohidagi qat’iylik, koʻzlaridagi sergaklik, mehr Sabohiddinning e’tiborini tortdi. Shundagina u: «Odamlar toʻramni bejiz hurmat qilishmas ekan», deb qoʻydi. Tamshanib oʻtirgan qoriga keksalik oʻz hukmini oʻtkazibdi. Qoshlari, bir tutam soqoli oqargan. Koʻzlari toliqqan kabi qisilgan. Ammo istarasi oʻsha-oʻsha issiq. Buxoroga ketganidan beri Zayniddin qorini koʻrmagan edi. Zayniddin qori ilgarilari Novqatga har kelganida Sabohiddinlarnikiga qoʻnardi. Uning Jaloliddin bilan eski oshnachiligi bor edi. Jaloliddin koʻp hollarda qoriga, uning maslahatiga suyanib ish koʻrardi. Maslahat uchun Oʻshga borib kelishdan ham erinmasdi. Shunday boʻlsa-da, ularning oralarida ba’zan kelishmovchiliklar boʻlib turardi. Oʻgʻillarini rus-tuzem maktabiga bergani, yangi gʻoyalar quli boʻlgani uchun, hatto turkiycha qizil doʻppi kiyib yurgani uchun Jaloliddin oshnasi Zayniddin qorini ayblardi. Qori esa uni, aksincha, johilligi uchun koyirdi. Biroq, fikrlar va dunyoqarashlarning bu qarama-qarshiligi doʻstliklariga raxna solmasdi. Sabohiddinning Buxoroga borib qolishi ham Zayniddin qorining maslahati bilan boʻldi. Toʻgʻrirogʻi, bu gap Sultonmuroddan chiqqandi. Har qanday yangilikni iskab bilib oluvchi imom mardikor balosi bosh koʻtargan paytda yana Jaloliddinning uyida paydo boʻldi. Jamoliddin Sibirga surgun qilingach, bu koʻchadan oʻtmay qoʻygan imom hech nima boʻlmagandek uyga kirib oʻtirdi. Oʻtganlarning ruhiga qur’on bagʻishladi. Oʻsha yili xasislik qilgani uchun Jaloliddindan oʻpkaladi.
— Men sizdan biron narsani tama qiladigan odam emasman, —dedi u gapni koʻp choʻzmay. — Sizga ham, farzandingizga ham mehrim boʻlakcha. Mana hozir Sabohiddinning taqdirini oʻylab, xonadoningizga bosh egib kirib keldim. Erta-indin uni ham mardikorga chaqirib qolsalar, nima qilasiz?
— Boshim qotdi, taqsirim. Xudo rahmimizni yer, deb oʻtiribman.
— Xudo, xudo deysizu, xudo yoʻliga bir tanga atashdan qochasiz.
— Bu gapingiz bekor. Siz yoʻl koʻrsating, aytganingizni Xudo yoʻliga atadim, — dedi Jaloliddin uning niyatini fahmlab.
— Sabohiddinni betoʻxtov otlantirib, Buxoroi sharifdagi madrasaga joʻnatamiz. Farzandi qobilingizni shu yoʻl bilan asrab qolasiz. Ustiga-ustak, u bagʻringizga katta mulla boʻlib qaytadi. Bir yogʻingizni yozga, bir yogʻingizni qishga qoʻyib rohatda yashaysiz. Uni Buxoroga oʻzim uzatib boraman. Lekin chiqimi sizdan...

Eshon oʻsha kuni niyatiga yetib, xali ham shuhrati soʻnmagan qorabayirni yetaklab chiqib ketdi. Sabohiddinning onasi chirqirab qoldi. Jaloliddinning baxtiga oʻsha oqshom Zayniddin qori Novqatga keldi. Imomning taklifini ma’qullab, sarmoyadan ham yordam qildi. Ana shu kishining himmati bilan Sabohiddin madrasada saboq olib qaytdi. Baxtini qarangki, akasi bilan uchrashib garangsib yurgan ogʻir damda bu donishmand odamga roʻpara boʻldi.

Dasturxonga fotiha oʻqilgach, oʻtovdagilar ta’zim qilib chiqib ketdilar. Toʻra Sabohiddinning qolishiga istak bildirdi.
— Jamol oʻrisni... — Xoliqberdi shunday deb kulimsiradi. Keyin soʻzini toʻgʻriladi. — Akangiz Sibirga mendan keyin kelib, mendan ilgariroq oʻrischani oʻrganib olganiga Jamol oʻris, deb yurib oʻrganib qolibman. Uni hali koʻrganingiz yoʻqdir?
— Koʻrdim. Margʻilonda uchrashdik.
— Nima deydi? Bosmachilarga qoʻshilma, degandir?
— Ha.
— Shunaqa... shoʻrolar bizlarni «bosmachi» deyishadi. Yurtni bosgan, talagan, xor qilgan ularu, «bosmachi» degan nomni olgan biz bechoralar. Xoʻsh, akangiz yoʻldan qaytargan ekan, nega keldingiz?
— Har ish Ollohning inoyati bilan, toʻram, ayri boʻlish peshonada boʻlsa, na iloj? Men akamga emas, Ollohga boʻysunaman.
— Balki sizni Buxorodagi oliy zotlar qoʻrqitishgandir?
— Yoʻq, toʻram, men ularning ayblashlaridan qoʻrqmayman. Ma’mur boyvachchaning qoni ham, akamning tortgan azoblari ham mening gardanimda, bu gunohim uchun Ollohning oʻzi jazolaydi meni.
— Ma’mur boyvachcha dedingizmi? Uni Jamol oʻris oʻldirmaganmidi?

Sabohiddin, Xoliqberdi toʻra xabarsiz ekan-da, deb ajablandi. Sirni ochishga ochib qoʻyib, endi gapdan boʻyin tovlashning foydasi yoʻqligini bilib toʻgʻrisiga koʻchdi.
— Uni men...
— Ana xolos! Jamol oʻris shuncha yil birga boʻlib churq etmabdi-ya... Akangizning boshidan suv oʻgirib ichsangiz arziydi, mulla. Oʻzga odam boʻlganda, «men ukamni qutqarish uchun shu azoblarni tortib yuribman», deb ikki jahonga jar solardi. Bu gapingizdan keyin Jamol oʻrisni yana ham yaxshi koʻrib qoldim. Gʻanimlarim orasida shunday pokiza odam borligidan xafa boʻlib ketaman. Har jangga kirganimda Xudodan: «Adashgan birodarlarimning jonini omon saqla», deb soʻrayman. Ularning qonini toʻkishdan qoʻrqaman.
— Buxorodan bu yerga kela-kelguncha oʻylab, oʻyimga yeta olmadim, toʻram. Xudo qaysi gunohlarimiz uchun bizga bu azoblarni ravo koʻrdi ekan. Qachonga qadar bir-birimizni qashqirday gʻajiymiz?
— Bu azoblar oʻtadi-ketadi. Xudo xohlasa, farogʻatli kunlarga oz qoldi.
— Toʻram, aybga buyurmasangiz, bir soʻrogʻim bor edi? — dedi Sabohiddin ikkilanib.
— Soʻrayvering, — Xoliqberdi toʻra shunday dedi-da, loʻlabolishdan birini qoʻltigʻi ostiga olib yonboshladi.
— Akam bilan murosangiz chiqishar ekan, nima uchun uni nohaq yoʻldan qaytarib, qanotingiz ostiga olmadingiz?

Xoliqberdi toʻra bu gapni eshitib kulib yubordi.
— Jamolni yoʻldan qaytarib boʻlarkanmi? — dedi u kulgidan toʻxtagach. Keyin bir oz jiddiylashdi: — Uni avval qiymalab tashlab, keyin et-suyagini bittalab terib chiqsangiz ham birovning aytganiga yurmaydi. Men shunaqa odamni yaxshi koʻraman. Birovning gapiga kirib koʻch-koʻronini koʻtaraveradigan subutsizdan juda qoʻrqaman. Mana shunaqa odamlar yurtni xarob qiladi. Ular bilan ehtiyot boʻlib gaplashish kerak.
— Shoʻrolar haq yoʻlga qaytmasa, elning qoni daryo boʻlib oqaverar ekan-da?

Xoliqberdi toʻra asabiy holda qoshlarini chimirib Sabohiddinga qaradi.
— Yaramga tuz sepmang, — dedi u qovoq uyub. — Kecha akangiz dilimni vayron qilib ketgan edi. Elning qoni toʻkilayotgan boʻlsa aybli emasman. Men xalqimning bagʻriga shamol tegsin, deb bu ovloqlarda izgʻib yuribman. Mening Sibirda tortgan azoblarim oʻzimga yetmasmidi? Jamol ham xalqim deydi, siz ham, Zayniddin qori ham, Shermat koʻr ham. Hammamiz xalq deymizu bir-birimizga tish qayraymiz. Akangiz oʻrislarning etagini tutaylik deydi. Zayniddin qori turkiyparast. Siz, albatta, ahli din deb turib olasiz.
— Meningcha, eng toʻgʻri yoʻl shu, toʻram. Axir oʻzingiz ham, alhamdulilloh, musulmonsiz.
— Alhamdulilloh... — Xoliqberdi toʻra shunday deb yengil xoʻrsindi. — Xoʻp, biz shoʻrolarni yengdik, deylik, xoʻsh, yurtni kim boshqaradi? Din peshvolarimi? Bunga ham koʻndim. Xoʻsh, kimga ishonasiz? Aniq aytolmaysiz? Oʻzingiz yaxshi bilgan imomingiz Sultonmurodga oʻxshaganlar yurt ogʻasi boʻlsa elning shoʻri qurimaydimi? Nimaga indamaysiz? Yo Shermatni qoʻyasizmi?
— Oʻzingiz-chi?

Xoliqberdi toʻra Sabohiddinga qarab turib, kulib yubordi.
— Hali ham esingiz kirmabdi, mulla. Kalta oʻylamay, koʻzingizni oching. Shoʻrolardan ustun kelgan kuni Xoliqberdining gʻanimlari kamaymay, yana koʻpayadi. Qirgʻin davom etaveradi. Oʻzbek asli moʻmin-qobil xalq boʻlsa ham, qoʻchqor toifaligi bor. Ikkitasining boshi bir qozonda qaynamaydi. Elni birlashtirish uchun Temurga oʻxshagan Xudo yarlaqagan zot kerak! Xudo bizga yana bunday zotni ravo koʻradimi, yoʻqmi, bilmayman.
— Toʻram, aqli qosirligim uchun gunohimdan oʻting, nazarimda, siz qudratingizga ishonmaydiganga oʻxshaysiz?
— Bu savolingiz nooʻrin. Xalq men tomonda. Agar xalqqa ishonmasam, koʻr boʻlaman... Ammo... sarmoyadorlar?! Shulardan xavfdaman... Ular yurtni xohlagan paytlarida sotib yuboradilar. Balki inglizlarga allaqachon pullashgandir ham?.. Har kuni quyosh charaqlab tursa ham dunyo qorongʻilashib ketgan, oq-qorani ajratish mushkul boʻlib qoldi. Buxorodagi oliy zotlar istagi bilan siz qishloqma-qishloq yurib, va’z aytib, islom lashkarlarining haqqiga duo qilib, xalqni haq yoʻlga chorlashingiz lozim ekan.
— Toʻram, men haq ishga jonimni tikkanman. Huzuringizga kelmogʻimdan maqsad — jihodga kirmoqlik.
— Da’vat — jihod emasmi? Sizning birgina haq soʻzingiz miltiqdan uchadigan oʻnta oʻqdan afzal. Miltiqlardan oʻq uzuvchilar yetarli. Siz bir narsani farqlab olsangiz bas — bu yer Chanoqqal’a emas. Jangdan murod ham oʻzga.

Xoliqberdi toʻraning keyingi gapi Sabohiddinga bir oz malol kelib, oʻtirgan yerida bir qimirlab oldi. Xoliqberdi toʻra buni sezib, soʻradi:
— Gaplarim yoqmadi chogʻi? Fikringizni yashirmay aytavering.

Sabohiddin koʻzini hamsuhbatidan uzib, yerga qaradi. Fikrni ochiq bayon qilishga ijozat berilgan boʻlsa-da, bu imkoniyatdan darrov foydalanishga shoshilmadi. Xoliqberdi toʻra «Ha, mulla» deb qoʻygach, unga qaradi:
— Toʻram, unda ham bunda ham jihoddan murod — Ollohning roziligi. Jindak farqi shuki, unda musulmonlar birlashdi. Bunda ayri-ayriga oʻxshab koʻrinadir menga. Unda gʻanim aniq edi: inglislar, farangilar... bunda bir qanot oʻrislardan madad oladi, boshqasi inglislardan. Gʻayriddinlardan quvvat umid qilgan qush yana qafasida qolmasmikin?

Bu gapni eshitib, Holiqberdi toʻra ma’yus jilmaydi:
— Durust, durust, — dedi u, — siz ham akangiz singari ushlagan yeringizdan kesarkansiz. Keling, orani ochiq qilib olaylik, yana huzurimdan mavhum xayol bilan ketmang. Chanoqqal’a urushidan xabarim bor. Boʻgʻozdan kofirlarning kemalarini oʻtkazmaymiz, deb jangga kirishni siz Olloh roziligi uchun jihod hisoblayapsizmi? Janjalning boshi nimada edi, bilasizmi? Turkiya ijozati bilan Olmon harbiy kemalari boʻgʻozdan oʻtib, oʻrislarga hujum qilganlar. Buni inglislar va farangilar Turkiya Olmonning sherigi hisobida muhorabaga kirdi, deb hisobladilar. Oqibat nima boʻldi? Olmoniya yengildi. Chanoqqal’a boʻgʻozidan inglisu farangilar uchun baribir yoʻl ochildi. Toʻkilgan qonlar zoe ketdi.
— Aybga buyurmang, toʻram... — Sabohiddin beihtiyor uning gapini uzdi-yu, keyin xijolat boʻlib, nigohini olib qochdi.
— Gapiravering, mulla.
— Toʻram, Olloh roziligi uchun toʻkilgan qon zoe ketmaydi.
— Olloh roziligi uchun qon toʻkishdan oldin aqlni ishlatib koʻrish kerak. Siz uchun jihod — ilm olmoqlik edi. Olloh sizni ilm olmoqqa yoʻllagan edi. Siz Ollohning roziligini Chanoqqal’ada emas, madrasada, ilm olishda topishingiz lozim edi. Bu tomonga ham miltiq koʻtaraman, deb oshiqqaningiz chakki boʻlgan. Ustozlaringiz «xatmi kutub» boʻldi, deb duo berganlari bilan, ilmda qiladigan yumushlaringiz koʻp edi. Hamonki, siz bunga kelibsiz, Buxorodagi oliy zotlarning istagini bir oz isloh qilamiz: Siz Zayniddin qori bilan birgalikda Norxoʻjaning xizmatida boʻlasiz. Fargʻona bir siqimgina boʻlsa ham qoʻrboshilarga toʻlib ketdi. Hammasi oʻziga xon. Siz Norxoʻjani tiyishga unnab koʻrasiz. U zoʻpidin aql bilan ish yuritmaydi sira. Sizga ham quloq solmaydi. Ammo yigitlari oq-qorani tanib olishlari kerak.
— Toʻram, aybga buyurmasangiz, bir narsani oydinlashtirish niyatim bor edi.
— Soʻrayvering.
— Kecha akamni koʻrganimda... volidai mukarramangizning qotillarini sizga topshirish uchun yoʻlga chiqishgan ekan. Shuning sababi ham... akam bilan eski oshnachiligingizmi?

Xoliqberdi toʻra kulimsiradi.
— Oshnachilik osoyishta kunlarda, samovarxonada, ulfatchilikda boʻladi, mulla. Shoʻrolar «Xoliqberdi gʻazabga minib, daryo-daryo qon toʻkadi», deb choʻchishgan. Ular Xoliqberdini hali yaxshi bilishmaydi. Xoliqberdi qonxoʻr emas, toʻngʻiz ham emas. Onamning birgina oh urgani uchun daryo emas, dengiz-dengiz qon toʻksam ham, bu qonni bir umr simirib yotsam ham xumordan chiqmayman. Onamni ikki-uch murtad oʻldirgan boʻlsa, xalqda nima gunoh? Xalqni tigʻdan oʻtkazganim bilan onam tirilib kelmaydi-ku? Kalta oʻylagani uchun akangizdan ranjidim. Aslida u qotillar shoʻroniki emas, oʻzimizga tegishli odamlar. Bu Jamol oʻrisga ham ma’lum. Shuning uchun men ularga qaramadim. Oʻzlari hukm chiqarib, beklarimning oldida oʻzlari otishdi. Men qotillar bilan emas, ularga fatvo berganlar bilan, Xudo xohlasa, hisob-kitob qilaman.

Xoliqberdi toʻra shunday deb tizzasiga qoʻl tirab oʻrnidan turdi. Sabohiddin, suhbat yakunlanganini anglab, ta’zim qildi. Tun boʻyi bu suhbat magʻzini chaqishga urinib uxlamagan Sabohiddin ertalab qorining istagi bilan Novqatga, ota-onasini yoʻqlash uchun yoʻl oldi. Norxoʻjaning qarorgohiga boshlab boradigan odamni uyida kutadigan boʻldi.

Qizilqiyani qoralab yoʻlga chiqqan Sabohiddin Iskobil1dan oʻtgach, uch qulochli anhor labida tarvaqaylab yotgan majnuntol soyasida hordiq chiqarmoqchi boʻldi. Otining oyogʻini tushovlab, eski toʻnini yerga toʻshadi-da, xurjunini yostiq qildi. Majnuntolning zaif shoxlariga tikilib oʻyga toldi. Qiziq, daraxtlar ichida faqat majnuntolning qaddi egik. Hatto chinor yonidagi terak ham boʻy choʻzishga harakat qiladi. Bu esa... Elning hozirgi ahvoli shu majnuntolga oʻxshaydi. Balki majnuntol ham qadimda qaddi tik daraxt boʻlgandir. Balki uning tik shoxlari joy, mavqe talashib, oqibatda sovuq shamollar zahriga chidash berolmay holsizlanib, ayri-ayrim boʻlib qolgandir? Endi qaddini rostlash uchun necha yil, qancha kuch-qudrat kerak. Bu elning qad rostlab, koʻkrak kerishini koʻrish Sabohiddinga nasib etarmikin?..

Yoʻl mashaqqati, uyqusiz tunlar azobi kuchini koʻrsatdi: Sabohiddinning koʻzi ilindi. Kun koʻtarilishi bilan soya qochib, oftob tigʻida qizib uygʻondi. Koʻzini ochdi-yu, atrofga olazarak qarab, otini izladi. Seskanib, oʻrnidan turdi. U yon-bu yon yurdi — ot yoʻq. Ulovi qaysi bir chapdastning oʻljasiga aylanganini bilib, xurjunini yelkasiga tashladi-da, yoʻl oʻrtasiga tushdi. Yurishini ham, yurmasligini ham bilmay turganda, qoʻqonaravaning qorasi koʻrindi.

Mudroq aravakash Sabohiddinning iltimosini bee’tibor eshitdi. Keyin orqasiga yarim oʻgirilib:
— Siqilishib qolmaysizlarmi, togʻa? — deb soʻradi.

Aravadagi uch qariyaning keksarogʻi soqolini tutamlab, unga norozi qiyofada boqdi.
— Gapingni qara-yu, soʻltamat! Aravangga yana bitta podsholikning odami sigʻadi. Yuragingni keng qil, — dedi jikkak qariya, keyin soʻzini tugatmay Sabohiddinga yuzlandi. — Qani, oʻgʻlim, xurjunni uzating. Odamning fe’li siqiq boʻlsa, koʻziga dunyo ham tor koʻrinadi. Qani, qoʻlni bering, ha, barakalla. Bu soʻltamatdan xafa boʻlmang. Zamon ogʻir. Yoʻlda uchragan odamga xavotir koʻzi bilan qarashga oʻrganib qolyapmiz...
— Kecha yoʻlimni toʻsishgan edi, — dedi aravakash oʻzini oqlash niyatida.
— Ana koʻrdingizmi, — deb uni quvvatladi jikkak chol, — odamzot ozga sira qanoat qilmas ekan-da. Norxoʻja yoʻltoʻsarlarni bilsami, naq putini yirib tashlar. Bosmachi boshqa, u boshqa.
— Agar qorni ochlar bosmachi boʻlsa, mana, biz ham togʻ-toshda sanqirdik, — dedi yoshi ulugʻroq qariya. — Ular yurtni oʻylashyapti ekan.
— Norxoʻja azaldan shunaqa, — dedi suhbatga qoʻshilmay oʻtirgan chalakoʻsa qariya. — Eslaysizmi, Yikchi eshonga murid tushib yurgan edi. Xudoning rahmi kelib tirik qoldi. Zamon algʻov-dalgʻov boʻlib, yana jonini garovga tikibdi. Fikrimcha, u qorniga yigʻlamaydi. Katta bir taxtni moʻljal qilgan-ov...
— Taxt?! Bu yoqda Xoliqberdi toʻra turganda unga yoʻl boʻlsin?
— Noumid shayton. Shunday niyati boʻlmasa, darbadarlik yukini yelkasiga olmas edi. Oʻziga lozim boʻlsa, Xudodan saratonda ham qor yogʻdirishini soʻraydurgan odam u.
— Keling, qoʻying, soʻltamatni chaynamaylik. Yana xizrni yoʻqlagan boʻlib unga yoʻliqmaylik. Och qornim-tinch qulogʻim. Bir-birini gʻajiy-gʻajiy oxir sillasi qurib tinchib qolishar...

Sabohiddin qariyaning bu soʻzlarini eshitib, beixtiyor Salimxoʻjani esladi. U ham bir suhbatida: «Bir-birining ildiziga bolta urib boʻlishini gʻanimlar intiqlik bilan kutib yotishibdi», degandi. Darvoqe, hozir Salimxoʻja qaerda ekan? Zindondan qutula oldimikan? Bechora ushoqqina edi, ishqilib, Xudo oʻz panohida asrasin-da...

Qariyalar ekin-tikinning avji haqida soʻz yuritib, Sabohiddinni suhbatlariga tortmadilar. Kecha koʻrgan-kechirganlari bilan boshi garang boʻlib oʻtirgan Sabohiddin uchun bu ayni muddao edi. Qizilqiyaga shom chogʻida yetib kelishdi. Sabohiddin, ulov topilmagani uchun noiloj shu yerda tunadi. Ertalab moʻylovi endi sabza urib, ovozi doʻrillab qolgan aravakash yigitga hamroh boʻldi. Yigit Qizilqiyaga yumush bilan tushgan, ishini bitkazib, kayfi chogʻ boʻlib qaytardi.

Arava asta chayqalib boradi. Yoʻlning ikki tomoni togʻ. Togʻlarning beli qip-qizil. Xuddi birov uning koʻksiga bexos qilich tortib yuborganu endi bagʻridan qon sizib chiqib turganday. Bunday gʻalati togʻ boshqa yerda boʻlmasa kerak. Hozir Sabohiddin goʻyo ikki togʻ orasida emas, ikki oʻt orasida kuyib, yonib borar edi. Akasini koʻrgandagi quvonchi soʻngan, tungi uchrashuv, Xoliqberdi toʻra bilan boʻlgan suhbat uni gangitib qoʻygan edi. Aka-ukaning oralariga qilich tushishi tayin.

Yigit ot ustida bir yonga sal qiyshayib oʻtiribdi. Qamchi ushlagan qoʻli xuddi jonsizdek. Ahyon-ahyonda otga qamchi urib qoʻyadi. Ba’zan mungʻayib oʻtirgan hamrohiga qaraydi. Sabohiddinning oʻyga berilganini koʻrib, indamaydi. Oʻzicha xirgoyi boshlaydi: Sevib olgan yoringiz muncha chiroyli yor ekan,
Qoʻllarimga suv berolmas, surati hayvon ekan.
Yigit qoʻshiq soʻzlarini yaxshi bilmaydi shekilli, qolganini yamlab-yutib aytdi. Ashula yarmiga bormay, bir oz jimib qoldi-da, soʻng boshqasini balandroq ovozda boshladi: Tomga tariq sochilgan,
Hay bola, bola, omon yor...
Bu qoʻshiq ham chala-yarim boʻldi. Biroq Sabohiddinni yelkasidan bosib turgan gʻam yukini bir oz yengillatdi. U xayollar domidan qutulib aravakashga qaradi.
— Ashulani yaxshi aytar ekansiz, — dedi.
— E, zerikkanda bir xirgoyi qilib qoʻyamiz-da, aka. Ashulani yaxshi koʻramanu, soʻzlarini toʻla bilmayman. Mana, kechagi bazmda bir ashula eshitib yodlab olgan edim. Hozir esimdan chiqibdi. Balki siz bilarsiz?
— Nevlay?
— Eshitib koʻring-a:

Qaro qush qichqirib oʻtdi, uyosida ilon koʻrdi,

Baliq koʻksini chok aylab, azim daryoda qon koʻrdi.
— Yoʻq, bunaqa ashulani eshitmagan ekanman.
— Oʻzim ham birinchi marta eshituvdim. Hay, mayli, nasib etsa yana eshitarmiz. Mullaka, bu yerlarga hech yoʻlingiz tushganmidi ilgari?
— Ha, bir-ikki oʻtganman.
— Mullaka, soʻraganning aybi yoʻq, ismlari nima edi? Hali hiyla yoʻl yuramiz, gaplashib ketaylik. Mening ismim Abdusattor.
— Sabohiddin.
— E-ha, endi tanidim. Boyatdan beri koʻzimga issiq koʻrinyatuvdingiz. Siz Jalol togʻaning oʻgʻlisiz-da, a?
— Ha.
— Buxoroda oʻqirdingiz-da, a? Akangizni ham bilaman. Ma’mur boyvachchani oʻldirib sibir boʻlgan ekanlar. Chamasi, biron yilcha boʻldi qaytganlariga. Rahmatli Jalol togʻa u kishining...
— Nima?! Nima dedingiz?
— Ie, eshitganingiz yoʻqmidi?.. Jalol togʻa... Jalol togʻaning yigirmalarini ham oʻtkazdik.

Sabohiddin uning boshqa soʻzlarini eshitmadi. Dunyo koʻziga qorongʻi boʻlib ketdi. Boʻgʻziga yigʻi kelmagan boʻlsa ham, nafasi siqildi. Abdusattor aravani toʻxtatdi. Meshdan suv quyib uzatdi. Sabohiddin ichmadi. Abdusattor nima qilarini bilmay bir oz turdi. Keyin aravaga chiqdi-da, otga yengil qamchi urdi. To Novqatga yetib borgunlaricha Sabohiddindan sado chiqmadi. Abdusattor ham uni gapga tutmadi. U aravani toʻgʻri Sabohiddinlarning uyiga haydadi.

Sabohiddin aravadan tushib uyi tomon yurdi. Oyogʻi xuddi kishan urilgandek ogʻir edi. Devorlari nuragan, yetim bola kabi mungʻayib qolgan uyni koʻrgach, mijjasiga yosh keldi. Yuragidan otilib chiqqan faryodni tomogʻi gʻippa boʻgʻdi. Koʻchada yigʻlab yubormaslik uchun qadamini tezlatdi.

Sabohiddin ichkari kirdi-yu, choʻnqayib oʻtirgancha qumgʻon qaynatayotgan onasini koʻrdi. «Buvi, buvijon!» deb qichqirmoqchi boʻldi. Ammo ovozi chiqmadi. Tomogʻiga nimadir tiqildi. Koʻzlari yoshlandi. Yuragida uygʻongan hayqiriq labidan sassiz uchdi — ona oʻgʻlining dardli nidosini eshitmadi. Biroq orqasida kimningdir nigohi qadalayotganini his qilib, yalt etib qaradi. Oʻgʻlini bir nafas tanimadi... Yoʻq, yoʻq, tanidi. Faqat koʻzlariga ishonmadi. Koʻrayotgani tushi ham emas, sarob ham emas, balki zohir ekaniga ishonch hosil qilgach, avval lablariga titroq yugurdi. Keyin titroq turgan tizzalarini ushlab, qaddini rostladi. Soʻng «bolam, bolajonim...» deganicha qanot yoyib oʻgʻli tomon yurdi. Sabohiddin yurmoqchi edi, biroq jon chiqib ketgan oyoqlarini bosolmadi. Holsizlanib tiz choʻkdi. Shu alfozda boshini ona bagʻriga qoʻydi. Onasining yigʻlab aytgan gaplarini eshitmadi. Qulogʻiga shu topda faqat ona yuragining dukirigina urilardi.

Yigʻi ovozini eshitib qoʻni-qoʻshnilar chiqdi. Ayollar yigʻi-sigʻi qilib boʻlgach, ichkariga kirib ketishdi. Sabohiddin esa devor-darmiyon ikki qoʻshnisi bilan ayvonda qoldi. Tilovat qildi.
— Rahmatli Jaloliddinning joyi jannatda, rohat-farogʻatda yurgandir. Bu dunyoda koʻp gʻam chekdi bechora.
— Uzoq yotdilarmi?
— Bir nafas ham yotmadi. Shu yoshga kirib «um» deganini bilmayman. Rahmatli hali baquvvat edi. Shu bahorda ham hech kimga soʻz bermay, yerini oʻzi agʻdardi-da. Xudoning shafqatini qarang, jonini qiynamaygina oldi.
— Oʻgʻlim, dadangizning qanday jon berganlaridan bexabarsiz-a?
— Xabarim yoʻq.
— Rahmatli dadangiz omonatlarini masjidda topshirdilar.
— Masjidda?
— Ha, masjidda. Dadangiz masjidimizda soʻfilik qilayotgan edilar. Peshin namozidan soʻng supurib-sidirib, endi ketaman, deganlarida, qayoqdandir bir daydi oʻq kelib...
— Kim otibdi?
— Kim otganini hech kim bilmaydi. Qishloq tinch edi. Faqat uch marta oʻq ovozini eshitdik. Keyin: «Jalol soʻfini oʻldirib ketishibdi», deb xabar qilishdi. Masjidga borsak, qonga belanib yotibdilar. Ikkita oʻq koʻkraklariga tekkan ekan. Bitta oʻq masjid eshigiga sanchilib qolibdi. Uch kundan keyin koʻrdik.
— Siz koʻp qaygʻuravermang, oʻgʻlim. Ollohning irodasi-da. Hammamiz bu dunyoda omonatmiz. Barchamizning peshonamizga oʻsha yogʻoch otga minish yozilgan. Dadangiz imon bilan ketdilar, shukur qiling.

Sabohiddin bunday paytda aytiladigan juda koʻp oyatlarni, hadislarni yoddan bilsa-da, qoʻshni oqsoqolning bu joʻngina gaplaridan tasalli olgandek boʻldi. Ammo yurakda qolgan armonga hech qanday tasalli kor qilmadi.

Qorongʻi tushgani sababli qabristonga erta tongda boradigan boʻlishdi. Sohiba aya oʻgʻliga Jaloliddin akaning soʻnggi kunlarini, «Yuragim siqilyapti», «Aloq-chaloq tush koʻrdim», deganlarini, yana allaqancha mayda-chuyda gaplarni bir-bir soʻzlab berdi.
— Mashhura koʻrinmaydimi? — deb soʻradi Sabohiddin uning gaplarini eshitib boʻlgach. U onasi bilan koʻrishayotgan chogʻidayoq koʻzlari bilan singlisini izlagan, ammo qoʻshni ayollar chiqib qolib, soʻrashga ulgarmagan edi.
— Mashhurani... Sultonmurod olib ketdilar.
— Qaerga?
— Nevlay. Rahmatli dadangizning yigirmalariga kelib, bosh boʻlib turdilar. «Zamon notinch, uyingizda erkak yoʻq, boʻyi yetgan qiz, uvoliga qolmaylik, oʻzimning panohimda boʻlsin», deb...
— Qaerga olib borishlarini aytmadilarmi?
— Aytdilar... Norxoʻja eshonning qarorgohi, dedilarmikin...
— Indamay yuboraverdingizmi?
— Voy, bolam, xudoning zorini qildim... Gapimga quloq solsalar ekan. Yolgʻiz ayol boshimga shuncha kulfat kammidi, bolam? Ikki qanotim qirqilgan boʻlsa, otangiz bir ogʻiz vasiyat qilmay oʻtgan boʻlsalar, qoʻni-qoʻshnilar oraga tushishga qoʻrqishsa, qoʻlimdan nima kelardi? Xudoga soldim. Xudodan qaytsin...

Sabohiddin onasining yosh toʻla koʻziga qaray olmadi. Imomning qiligʻini qancha oʻylamasin, tagiga yetolmadi.

Ertalab qabristonga bordilar. Sabohiddin qabrni quchoqlab, tungi salqinga toʻygan tuproqqa bagʻrini berib yotdi. Onasiga qoʻshilib borgan qoʻshni ayollar yigʻi boshlashdi.

Sabohiddin qaddini koʻtargach, ayollar tinchishdi. Tilovat boshlandi. Soʻng Sabohiddin ayollarni uyiga joʻnatdi. Qabristonda yakka-yolgʻiz qoldi. Goʻyo ota mehriga qonayotgandek qabrga uzoq tikildi.
— Dadajon, ilohim joyingiz jannatda boʻlsin, — deb pichirladi lablari.
— Inshoolloh, — deb javob berdi xayolidagi dadasi.
— Bizning rohatimizni koʻrolmay koʻzingiz ochiq ketdi. Goʻringizga bir siqim ham tuproq tashlay olmadik.
— Ollohning irodasi bu, oʻgʻlim. Chirogʻimni yoqib tursalaring, bas.
— Endi kimga suyanaman? Maslahatgoʻyim kim?

Javob yoʻq. Chunki otasi bilan Sabohiddin xayolan soʻzlashayotgan, fikrida esa bu savolga javob yoʻq edi.

Kechqurun uylariga Sultonmurod kirib keldi. Sabohiddinga hamdardlik bildirdi-da, marhumning ruhiga bagʻishlab tilovat qildi. Tayinsiz mavzularda bir oz suhbatlashishgach, Sabohiddin muddaoga koʻchdi.
— Taqsir, men Norxoʻja eshonning huzurlariga borishim kerak ekan.
— Ha, oʻgʻlim. Imonini yoʻqotmagan har bir musulmonning oʻrni oʻsha yerda. Ammo siz hozircha bu haqda tashvish tortmang. Uch-toʻrt kun dam oling. Rahmatli dadangizning ruhlariga xayri-xudoyi qiling. Eshon huzuriga birga boramiz. Men shuning uchun kelganman. Manavini oling, xarajatlarga lozim boʻladi.
— Taqsir, singlim...
— Mashhura sogʻ-omon. Biron nomahramning koʻzi unga tushmaydi.
— Uni uyga qaytarsak, onam yolgʻizlar.
— Buni kengashib koʻramiz. Hozir zinhor tashvish tortmang.

Sultonmurod shunday deb chiqib ketdi. Sabohiddinning norizo nigohi uning izlariga qadalib qoldi...

Sabohiddin esini tanibdiki, shu xasis odamni biladi. Maktabga qatnayotganida domlaning yaxshi gaplarini ham eshitgan, kaltagini ham koʻp yegan. Jamoliddin oʻqishni xush koʻrmas, kaltak yegandan keyin haftalab tutqich bermasdi. Oʻgʻlining oʻqishga boʻyni yor bermayotganini koʻrib, otasi uni maktabga yubormay qoʻydi. Sabohiddin akasining teskarisi, tez olovlanar va shunday tezlik bilan soʻnib, itoatkor boʻlib qolardi. Kechasi janjal-toʻpolon bilan maktabga bormaslikka ahd qilgan odam, ertalab burnini torta-torta yoʻlga tushardi. Xiyol ulgʻayib, shoʻxligi avjga chiqib, qishloqdagi oʻspirinlarga ham bas kela boshlagach, bir tomondan otasi, bir tomondan domla siquvga olib, boʻyniga itoat zanjirini solishga urindilar. Ularning bu harakati samara berdi. Ma’mur boyvachcha voqeasida zanjir uzilay dedi-yu, ammo Sultonmurod ustalik qilib qoldi. Sabohiddinni itoatkorlik toʻriga chirmab tashladi.

Sabohiddinning Buxoroga borishi aniq boʻlgach, Sultonmurod uni yoʻqlab, pand-nasihat qildi:
— Olloh-taolo barcha bandalariga rahm-shafqatni bir xilda sochgan. Odam zoti rizqini kuchi yetganicha oʻzi terib yeydi. Janob rasulilloh deydilarki: «Tangrim sizlarni yer yuzida voris etgan va oʻzi ato qilgan narsalar bilan bizlarni sinab koʻrish uchun ba’zilaringizning darajangizni boshqalarnikiga nisbatan yuqori qilib qoʻygan». Yana Muhammad alayhissalom aytadilarki: «Ba’zi bir oilalarning bu dunyodagi hayoti farovon etilmish, ularga atalgan narsalarga sen koʻz tikma». Demoqchimanki, Olloh-taolo Ma’mur boyvachchaning bu dunyosini farovon etmakni inoyat qilib, uning rizqiga rizq qoʻshgan. Akangiz xotinini taloq qilgach, Xudo oʻzining bu ojiza bandasini ham Ma’mur boyvachchaga in’om etdi. Garchi Ma’mur boyvachcha yangangiz taloq boʻlmasidan ilgari don olishgan taqdirda ham sizning oʻldirmogʻingizga huquqingiz yoʻq. Zinokorga jazoni Ollohning oʻzi belgilagan. Ammo Tangri bilan bandalar oʻrtasida shayton bor. Olloh-taoloning toʻliq hikmati va inoyati birlan jannatdan quvilgan shayton moʻmin-musulmonlarni haq yoʻldan ozdirishga harakat qiladi. Ma’mur boyvachchaning begunoh qonini toʻkkan kimsa shayton vasvasasiga uchib, Xudoning qahrini keltirdi. Jamoliddin begunoh. Uning gunohsizligi Olloh-taologa, menga va yana bir kishiga ayon. Jamoliddin oʻn uch yil doʻzax azobini tortadi. Uning uvoli ham qotilning yelkasida.

Sultonmurod shu zaylda gapni aylantirib-aylantirib, ayb sirtmogʻi yasadi-da, Sabohiddinning boʻyniga tashladi. Sabohiddin bu sirtmoq oldida ilojsiz qoldi. Ammo taqsir uning boshini silab, rahm-shafqat koʻrsatdi:
— Siz hozir borib, «Ma’mur boyvachchani men oʻldirgan edim», desangiz ham akangiz Sibirdan qaytarilmaydi. Bu birlamchi. Ikkilamchi — soʻzlaringizga hech kim ishonmaydi. Ammo, umid chinnisini sindira koʻrmang. Tavbalar qiling, Tangrining shafqati beqiyos. Olloh, akangizni Sibirning doʻzaxiy azoblaridan barvaqt xalos etib, sizning ham gunohlaringizdan oʻtsa ajab emas. Buning uchun siz butun borligʻingiz bilan ibodat qilmogʻingiz, bu dunyoning rohatlaridan voz kechmogʻingiz lozim. Ibodat chogʻida Ollohga shunday sigʻining-ki, xushu’ chogʻida qilich koʻkragingizga sanchilib, kuragingizdan chiqsa ham sezmang. Men befarzand, Xudoning bir bechora bandasiman. Sizni oʻgʻlim qatori koʻrib, mehr qoʻygan edim. Sizni yosh deb fahmlab, ortiqcha azoblarga giriftor boʻlmasin, deb oʻsha kuni yolgʻon gapirdim. Yelkangizdagi gunohlarning yarmi mening boʻynimga tushdi. Shu topgacha gunoh ishga qoʻl urgan banda emasman. Gunohlarimni yuvish uchun toat-ibodatlarimning oʻzi kifoya emas. Inshoolloh, xatmu kutub qilganingizdan soʻng, agar Tangrim umrimizni bersa, birga haj qilib, Ka’batullohni tavof etib, Ollohdan gunohlarimizni soʻraymiz.

Sultonmurod bir necha marta uylanganiga qaramasdan, befarzand edi. Uning mehr bilan aytgan soʻzlariga Sabohiddin ishondi. Ammo Sabohiddin uning qalbida yashiringan niyatidan bexabar edi. Sultonmurod Andijon madrasasida bilim olgan, dadasining topish-tutishi ham yomon emasdi. Boshqalarga nisbatan ziyrakroq boʻlgani, yaxshiroq bilim olgani uchun durustroq obroʻ-e’tiborni xayol qilgandi. Qishlogʻiga oddiy imom boʻlib qaytish uni qanoatlantirmas edi. Yurtning eng obroʻli ulamolari qatoridan oʻrin olish yoʻllarini izlab yurganda xalq besaranjom boʻlib qoldi. Yikchi eshonning gʻalabasiga ishonib, tahsilni ham tashladi-da, uning etagidan tutdi. Qirgʻizlar togʻdan tushib eshonni hol-joniga qoʻymay oq kigizga oʻtkazib, «Xon» deb e’lon qilishganda Sultonmurodning yuragi xapriqib ketdi. Eshonga madhiya aytayotganlar orasidagi Sultonmurod koʻzini bir yumdi-yu, oq kigiz ustida Yikchi eshonni emas, oʻzini koʻrdi. Bu manzara — oq kigiz ustida viqor bilan oʻtirgan Sultonmurod ongiga muhrlanib qoldi. Hujum boshlanganda ham, bir necha soat ichida gʻalabadan umidini uzib qochganda ham, katta obroʻ istagida Buxoro madrasasiga yoʻl olganda ham, hatto tunlari oʻgʻrincha qoʻshni mahallaga borib yurganlarida ham shu manzara koʻz oldidan nari ketmasdi. Nazarida, Xudo uni xon boʻlish uchun yaratganday edi. Oʻsha mahallaga qatnab yurganida juhud yigitlarning qoʻliga tushib bichib qoʻyilgach, niyati darz ketdi. Ammo Xudodan umidvor boʻlib yuraverdi. Biroq har qancha urinmasin, ishi orqaga ketaverdi. Oqibatda, Buxoro madrasasidagi tahsil ham chala qolib, qishlogʻiga qaytdi. Qaytdiyu boylik toʻplashga kirishdi. U endi xonlikdan umidini uzib, viloyatdagi eng boy odamga aylanishni istab qoldi. Oyogʻi ostidan Sabohiddin mojarosi chiqdi-yu, bu ham bir korimga yarar, deb diliga tugdi. Sabohiddinni Buxoroga yuborib, u bir oʻq bilan ikki quyonni urgan edi. Avvalo qorabayirga yetishib, uni tuzukkina aqchaga pulladi. Qolaversa, nazarida, Sabohiddin undan ma’naviy qarzdor boʻldi. Fargʻonada gʻalayonlar boshlangach, u eski tanishi Norxoʻjaning etagidan tutdi. Norxoʻja unga roʻyxush beravermagach, Sabohiddinga muhtojlik sezdi. Baxtiga Xoliqberdi toʻra boshqa qoʻrboshiga emas, aynan Norxoʻjaga yuboribdi. Ammo Zayniddin qorining ham kelishi Sultonmurodga yoqmadi. Undan qutilish yoʻlini izlay boshladi...

Sultonmurod pul tashlab ketgach, Sabohiddin Salimxoʻjaning kuyunib aytgan gaplarini esladi. Buxoroda ekanida oʻz erkicha turmush kechira olishga qurbi yetadigandek edi. Ammo oʻt-olov bagʻridan oʻtib kelar chogʻida koʻrgan-eshitganlari uni anchayin oʻylatib qoʻydi. Oʻz maylicha yashay olmasligiga ishonch hosil qildi. Shu tobda Salimxoʻjani, uning suhbatlarini qoʻmsadi. Salimxoʻja hozir yonida boʻlganida, «aytmovdimmi», deb gina qilardi. Avval qoshlarini chimirib oʻyga tolardi. Keyin ayrim shaxslar manfaatidan yurt-el manfaati ustunroq ekani haqida gapirardi. Soʻng iroda haqida, balki oydin maqsad haqida soʻz ochardi. Har nechuk, Sabohiddinni maslakdosh deb bilmasa-da, unga dalda boʻlardi. Afsuski, Salimxoʻja uzoqda qolgan. Bu yerda esa fikrlashadigan, dardlashadigan hech kim yoʻq. Bundan buyon boʻlmasa ham kerak.

Endi istasa-istamasa Norxoʻjaning huzuriga boradi. Chunki Mashhura oʻsha yerda.

* * *

Devona xirillagan ovoz chiqarib titray boshlagach, Rhaq undan koʻzini oldi-da, tashqariga chiqib ketdi. Devona oʻsha kuni ostona hatlamadi.


Avvalgi
I- qism