OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Tohir Malik. Devona (II- qism)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiDevona (II- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm234KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/12/14
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Devona (II- qism)
Tohir Malik

Sinov

Kesganbelga shom tushdi. Asqarali, choyxonada hech kim qolmagan boʻlsa-da, Dilmurod kelib qolar, deb poylab oʻtirdi. Kunduzgi voqea asirligidan qutula olmagan Rhaq-Mirzavoy ham noiloj samovarxonada qoldi. Asqarali choy damlab kelib soʻriga chiqdi-da, Mirzavoyni yoniga chorlab, choy quyib uzatdi.
— Dilmurodjon ham xuddi toʻngʻichimga oʻxshab besaranjom ekanlar, — dedi u kaftiga nos tashlab,— toʻngʻichim oʻziga-oʻzi qildi. Raislikni tuppa-tuzuk eplab turuvdi. Xalq ham undan rozi edi. Ispaniyaga borishning nima keragi bor edi unga, hayronman. Begona yurt boʻlsa, u yerda amma-xolasi boʻlmasa. Na aza ochishni bilasiz, na kutishni...
— Ketayotganlarida rizolik berib edingizmi?
— Rizolik... — Asqarali bir zum oʻylanib bosh irgʻadi-da, kaftidagi nosni yana nosqovoqqa qaytarib toʻkdi. — Rizolik bermay ilojim qancha?
— Boshqalarning dardiga befarq qaramasa, yaxshi odam ekan oʻgʻlingiz.
— Nimasini aytasiz. Shu kolxozni deb necha oʻlib, necha tirilgan. Agar oʻgʻlim yelib-yugurmaganda Mamarayimga oʻxshaganlar qishloqning yarmini quloq qilib yuborishardi. Kelib-kelib roʻyxat tuzishni Mamarayimga topshirishibdi. Bitta sigiri borni ham tirkabdi-da roʻyxatga bu zangʻar. Yoʻq, oʻgʻlim yoʻl bermadi. Kattalargacha borib keldi. Boʻlmasa unga nima edi? Roʻyxatni Mamarayim tuzgan. Gunohi ham uning boʻynida... Gʻalati bola edi toʻngʻichim, esiz, peshonamga sigʻmadi. Bolamdan zurriyot qolmadi. Shunga kuyaman. Boyoqishning Saboxonda koʻngli bor ekan. Boshqaga uylanmadi. Saboxonning ham koʻngli bor edi oʻgʻlimga. Ammo otasi iblislik qildi. «Toʻrtta odam yigʻilsa, qudam shu kishi boʻladi, deb choʻtirni koʻrsatamanmi?» debdi. Gapini qarang, zangʻarning. U aslida mening choʻtirligimdan or qilmagan. Foyda unsa moxov bilan ogʻiz-burun oʻpishadi u odam. Moʻmayroq qalinga umid qilgan, chamamda. Oʻgʻlim rais boʻlgani bilan echkimiz ham yoʻq edi. E, ishqilib omon boʻlishsin. Dunyo shunaqa ekan-da.

Asqarali kaftiga nos toʻkib, tilining tagiga tashladi-da, kaftini qoqdi.
—Turib-turib Saboxonga achinaman. Otasining ra’yiga qarab bebaxt boʻldi, bechora. Qaynagʻasi oʻzini osib qoʻygandan keyin eri toʻsatdan gʻoyib boʻldi. Yerga kirib ketdimi, osmonga chiqdimi — hech kim bilmaydi. Saboxon ikki oʻt orasida kuyib ado boʻlyapti. Erini kutay desa, kuz kelsa uch yil boʻladi — nom-nishon yoʻq. Boshqasini er qilay desa — boshi ochiq emas. Tagʻin ham ayol zotining joni temirdan boʻlarkan. Boshimga bunaqa gʻam tushsa, men chidamay, tars yorilib ketardim... — Bu gaplarni eshitib Rhaq-Mirzavoyning koʻz oldiga Nazira keldi. Saboxonning uzori Naziraga oʻxsharkan, deb yursa, qismati ham bir ekan-ku? Nazira ham koʻngil qoʻyganiga yetisholmay azobda qolgan edi. Saboxon ham. Nahot birgina gapni aytish qiz bola uchun shunchalar mashaqqat boʻlsa?.. Bu holni birov bayon qilsa Rhaq ishonmas edi. Nazirani koʻrib, ikkilangan edi. Saboxonning qismati endi uni butkul hayratga soldi... Chunki u ayolning goʻzalligi tashqi chiroyida emas, balki hayoda, nomusda, iffatini saqlashida ekanini hali bilmasdi.
— Choyga qarang, — Asqarali shunday deb piyolani chertib qoʻydi. Rhaq-Mirzavoy sergak tortib, Asqaralining qoʻlidan piyolani oldi. — Xayol olib qochdimi, deyman-a? — dedi Asqarali unga sinov nazari bilan qarab.
— Ha... ayollarni oʻylayapman. Birovga koʻngil qoʻyishsa ham «yaxshi koʻraman», deb aytisholmaydi.
— Be, aytish qayoqda! Yaxshi koʻrishning dardi ham, lazzati ham shunda boʻlsa kerak-da. Qizlarni gapirasiz, erkak boʻla turib vaqtida yigitlar ham chaynalib qolishadi-ku... Oʻgʻlimni ayting. Bir ogʻiz gapirmadi. Ispaniyaga ketyapman, dedi-yu, joʻnavordi. Saboxonning dardi ichida, qon-qaqshab qolaverdi. Mirzavoy, inim, bizning bir aybimiz bor: hamma narsani ipidan-ignasigacha bilishni istaymiz. Shu deng, sizdan bir narsani soʻramoqchiman: yurishingizdan soʻqqaboshga oʻxshaysiz. Uylanmaganmisiz?

Rhaq bunday savol berilishini hisobga olib qoʻygan edi, shu sababli ikkilanib oʻtirmadi:
— Yoʻq, — deb kulimsiradi.
— Shu paytgacha-ya? Nahot biron-bir jonon yuragingizdan urmagan boʻlsa!
— Shunaqasi topilmadi-da, Asqarali aka.
— Be! — Asqarali shunday deb kuldi. — Dunyoni aylanib yuraveribsiz-ku, ishq-muhabbat koʻchasiga kirmabsiz-da, a? Qoʻying-e, inim! Sevgi dardini tortmagan boʻlsangiz, hali dunyoga kelmabsiz. Sizga qoyil boʻlmadim. — Asqarali Rhaqni yelkasiga urib qoʻydi. — Hali ham kech emas, koʻchaga chiqqanda sal boshingizni koʻtarib, koʻzingizni kattaroq ochib yuring. Birontasiga yuragingiz «jiz» etsa, oʻrtada mana men kafil.

Yurak «jiz» etish... Qiziq odam ekan bu Asqarali. «Jiz» etgani bilan Rhaq unga dardini ocha olarmidi. Qiziq... Bu qanaqasi?! Yerga tushgan zahoti Nazirani izladi, keyin Saboxonni koʻrganda gʻalati boʻldi. Endi rost gapni aytolmayapti. Bu yuragida uygʻonayotgan muhabbat belgilarimi? Saboxonga koʻngil qoʻyyaptimi? Ana xolos!
— Inim, choyni iching, soviyapti...

Rhaq bu gapdan keyin xayolini yigʻib, sovib qolgan choyni shoshilib hoʻpladi-da, piyolani uzatdi.
— Ba’zan uyqum oʻchib, osmonga qarayman, — dedi Asqarali piyolaga choy quya turib. — Bir kuni toʻngʻichim, yulduzlarda ham odam yashar ekan, degan gap topib kelgan edi. Shundan beri, oʻy oʻylab oʻyimga yetolmayman. Yulduzlarda odamlar boʻlsa bordir, ammo ularda ham muhabbat degan his bormikin? Bizga oʻxshab bir-birini yaxshi koʻrib, dardini ichiga yutib yasharmikin?

Rhaq bu gapni eshitib, birdan Tangni esladi-yu, beixtiyor: «Yoʻq», deb yubordi. Asqarali unga savolomuz qaradi.
— Muhabbat yoʻq deysizmi?

Rhaq vujudidagi hisni boshqara olmay, sirini oshkor qilay deganini tushundi. Gapni boshqa mavzuga burish maqsadida chaynaldi:
— Muhabbat... emas, yulduzlarda odam yashamasa kerak...

Xayriyat, baxtiga Asqarali uning dovdirashini sezmadi.
— Kim biladi, odamlarning ogʻzidagi bir gap-da, bu, — dedi-da, choynak-piyolani olib oʻrnidan turdi.— Dilmurodjon bugun qaytmasalar kerak. Ulov boʻlmagan koʻrinadi. Ezmalanib sizni ham uyqudan qoʻymay.

Rhaq-Mirzavoy Asqarali bilan xayrlashib, shifoxona tomonga oʻtdi. Ammo ichkari kirmay ostonada turib qoldi. Samovarchining muhabbat haqidagi gaplari uning xayolini chalgʻitdi. Rhaq Devona boshidan kechirgan voqealar bilan tanishgach, hech kim bilan suhbatlashmay, yotaman, deb oʻylagan edi. Devona tufayli vujudida uygʻongan tuygʻular azobi unga yetib ortar edi. Aksiga olib, samovarchi gapga tutdi. Gapga tutganda ham yarasini yangilab, tuz sepdi. Rhaq uchun mana shu tuygʻu hozir ortiqcha edi. Muhabbat haqida, Nazira, Saboxon haqida oʻylashni istamasdi. Shuning uchun ham toʻxtadi. Orqasiga oʻgirilib, qabriston tomonga qaradi. Koʻz oldiga titroq bosgan Devona keldi. Oʻzining badaniga ham yengil titroq yugurib, junjikdi. Ichkari kirdi. Rhaq Devonaning boshiga tushgan barcha savdolarni bilmasa-da, aqldan ozish sababini angladi.

Yerliklarning yuragi tangliklarnikiga nisbatan ancha kichik. Asab hujayralari ham kam. Ammo shu mitti yurakka tushuvchi ruhiy kuch bir necha baravar katta. Rhaq bu fikrni, bu nomutanosiblikni avvalgi safar chogʻida sezmagan ekan. U yoshligida, tarixni titkilash orzusida yurganida, tangliklarning bir vaqtlar beshta barmogʻi boʻlganini tasodifan eshitgan edi. Jismoniy harakat kamaygan sayin barmoqlar kichrayib-kichrayib, oxiri ikkitasi yoʻqolgan ekan. Balki yurak buning aksidir? His-tuygʻu, ruhiy yuk kamaygani sayin tangliklarning yuragi kattalashib ketgandir. Axir u hozir qon haydashdan boʻlak ishni bilmaydi-ku?! Yurak keraksiz hislardan, demakki, ortiqcha ruhiy yukdan xoli qilingani ma’quldir. Lekin mehrdan uzmaslik kerak ekan. Rhaq buning azobini Tangda sezmagan edi. Yerga tushib, bildi. Bildi-yu, ogʻir yuk koʻtaruvchi ana shu mitti yurak egalariga havasi oshdi.

Rhaq vujudidagi hisni boshqara olmay, sirini oshkor qilay deganini tushundi. Gapni boshqa mavzuga burish maqsadida chaynaldi:
— Muhabbat... emas, yulduzlarda odam yashamasa kerak...

Xayriyat, baxtiga Asqarali uning dovdirashini sezmadi.
— Kim biladi, odamlarning ogʻzidagi bir gap-da, bu, — dedi-da, choynak-piyolani olib oʻrnidan turdi.— Dilmurodjon bugun qaytmasalar kerak. Ulov boʻlmagan koʻrinadi. Ezmalanib sizni ham uyqudan qoʻymay.

Rhaq-Mirzavoy Asqarali bilan xayrlashib, shifoxona tomonga oʻtdi. Ammo ichkari kirmay ostonada turib qoldi. Samovarchining muhabbat haqidagi gaplari uning xayolini chalgʻitdi. Rhaq Devona boshidan kechirgan voqealar bilan tanishgach, hech kim bilan suhbatlashmay, yotaman, deb oʻylagan edi. Devona tufayli vujudida uygʻongan tuygʻular azobi unga yetib ortar edi. Aksiga olib, samovarchi gapga tutdi. Gapga tutganda ham yarasini yangilab, tuz sepdi. Rhaq uchun mana shu tuygʻu hozir ortiqcha edi. Muhabbat haqida, Nazira, Saboxon haqida oʻylashni istamasdi. Shuning uchun ham toʻxtadi. Orqasiga oʻgirilib, qabriston tomonga qaradi. Koʻz oldiga titroq bosgan Devona keldi. Oʻzining badaniga ham yengil titroq yugurib, junjikdi. Ichkari kirdi. Rhaq Devonaning boshiga tushgan barcha savdolarni bilmasa-da, aqldan ozish sababini angladi.

Yerliklarning yuragi tangliklarnikiga nisbatan ancha kichik. Asab hujayralari ham kam. Ammo shu mitti yurakka tushuvchi ruhiy kuch bir necha baravar katta. Rhaq bu fikrni, bu nomutanosiblikni avvalgi safar chogʻida sezmagan ekan. U yoshligida, tarixni titkilash orzusida yurganida, tangliklarning bir vaqtlar beshta barmogʻi boʻlganini tasodifan eshitgan edi. Jismoniy harakat kamaygan sayin barmoqlar kichrayib-kichrayib, oxiri ikkitasi yoʻqolgan ekan. Balki yurak buning aksidir? His-tuygʻu, ruhiy yuk kamaygani sayin tangliklarning yuragi kattalashib ketgandir. Axir u hozir qon haydashdan boʻlak ishni bilmaydi-ku?! Yurak keraksiz hislardan, demakki, ortiqcha ruhiy yukdan xoli qilingani ma’quldir. Lekin mehrdan uzmaslik kerak ekan. Rhaq buning azobini Tangda sezmagan edi. Yerga tushib, bildi. Bildi-yu, ogʻir yuk koʻtaruvchi ana shu mitti yurak egalariga havasi oshdi.

Kesganbel uyquga berildi. Hatto itlar ham hurmay qoʻydi. Uylar qora qutilar kabi terilgan. Qabristonni daraxtlar qorasi toʻsgan. Shunday boʻlsa ham Rhaq oʻsha yoqqa tikildi. Devonaning titrab, bukchayib oʻtirishi sira koʻz oldidan ketmadi. Aslida, u bunday qilmasligi kerak edi. Devonaning azob chekishini yaxshi bilardi. Shuning uchun ham dastlabki kunlari bu ishdan oʻzini tiyib yurdi. Ammo boʻlajak tahlillar uchun Devonaning boshiga tushgan savdolarni bilishi juda zarur edi.

Oʻsha tun Rhaq Devonadan koʻproq azob chekdi. Tongni bedor qarshilab, yuragidagi hissi yanada qudrat kasb etganini kashf qildi. U faqat qiyofasi bilan emas, ichki dunyosi bilan ham yerlik odamlarga yaqinlashayotganiga amin boʻldi.

Rhaq-Mirzavoy samovorxonada nonushta qilgach, togʻdagi koʻkatlardan tayyorlagan turkana dorini eltib, raisni tinchitdi. Shundan soʻng to peshinga qadar xonasidan chiqmadi. U boʻlajak ishlar uchun ruhiyatini sozlab olishi kerak edi. Shu sababli shiftga tikilgancha hech nimani oʻylamay yotdi.

Uning tinchini Dilmurodning ovozi buzdi. Rhaq erinibgina turib kerishdi-da, unga peshvoz chiqdi. Qoshlarigacha changga belangan Dilmurod qoʻlidagi qora sumkani ostonaga qoʻyib, oʻzi tol soyasidagi soʻriga borib oʻtirdi. Qaytishda ulovsiz qiynalganini aytib boʻlgach: «Hammayoq jimjit, tinchlikmi?» deb soʻradi.
— Saboxondan darak boʻlmadi. Shopoʻlat akamiz bugun progul qildilar. Nazarimda, Umidani olib ketganingizdan xafa, — dedi Rhaq.
— Oʻzim ham shunday boʻladi, deb oʻylagandim. Yana oldiga borish kerak. Endi oʻzicha kelmaydi.

Dilmurod yuvinib, choy ichib olgach, qabristonga yoʻl olishdi. Hujrani qarashdi: Devona yoʻq. Uni ertasiga ham, indiniga ham topa olishmadi. Oradan besh kun oʻtsa ham undan darak boʻlmadi. Nima qilishni bilmay garang boʻlib turganlarida, Saboxon kelib Devonani mozorboshida koʻrganini aytdi. Paysalga solmay, oʻsha zahoti Devonaning hujrasiga borishdi. Ma’yus oʻtirgan Devona ularga qarab ham qoʻymadi. Rhaqning hazil-huzuli ham e’tiborsiz qoldi.
— Menga qarang, Shopoʻlat aka, siz Umidaning ketib qolganiga xafa boʻlganga oʻxshaysiz, a? Toʻgʻrimi?

Devona boshini egdi.
— Be, shunga shunchami, — dedi Rhaq-Mirzavoy, Dilmurodga «Masala ravshan» degandek koʻz qisib qoʻyib, — Umida erta-indin keladi. «Ungacha Shopoʻlat amakim doʻxtirxonada ishlab tursinlar», debdi. Ishga bormasangiz qaytmas ekan..

... Hozir Devonaga gapirish ortiqcha ekanini bilib, boʻshashgan holda izlariga qaytdilar. Rhaqning gaplari ta’sir qildimi, har nechuk Devona ertasiga «ishga» keldi. Bir necha kun shu zaylda oʻtdi. Dilmurod yaxshi gapirib uning koʻnglini ovlar, bu tayyorgarlikning mashaqqatidan emas, choʻzilib borayotganidan kuyunardi. Devona hadeganda boʻyin beradigan emasdi. Buni anglagan Dilmurod yana Rhaq-Mirzavoy yordamida ish tutishga harakat qildi.

Mirzavoy hovliga chiqib, Devonani tol soyasidagi soʻriga chaqirdi-da, Dilmurod tayyorlab bergan savollar boʻyicha uni asta soʻroqqa tutdi.
— Samovarchi Asqaralining eshigiga borgansiz-a? Eshigida nima bor edi?
— Eshigida... eshak! — Devona yelkasini silkitib huzurlanib kuldi.
— Yana nima bor?
— Eshak...
— Uyida sholcha-polcha, xontaxta bormi?

Devona Mirzavoyning ogʻziga qarab indamay turaverdi.
— Uyida nima bor?
— Gʻing-gʻing, taka-tum, taka-taka-tum, — Devona shunday deb qoʻli bilan havoda aylana chizdi.

«Patefon shekilli», deb oʻyladi Dilmurod uning harakatlariga razm solib.
— Shopoʻlat aka, manavi xoʻjayin mendan pakana,a? Asqaralining nevarasi ham shunday. Ularning orasida nima farq bor?
— Pak-pakana...
— Kapalakni bilasiz-a, musichani ham bilasizmi? Ularning bir-biridan nima farqi bor?

Devona atrofiga olazarak qaradi: aftidan, musicha yoki kapalak izladi. Ammo koʻzi eshikdan kirib kelayotgan raisga tushib, oʻrnidan turib ketdi. Orqasiga chekindi.

Dilmurod Devonaning raisdan ozor chekkanini sezdi.

Rais qamchinini oʻynatgancha etik qoʻnjiga urib-urib kelardi. Doʻxtirlar bilan sovuqqina soʻrashib, soʻriga omonat oʻtirdi.
— Bu nimasi yana! Odamlar doʻxtirxonaga yoʻlamaydigan boʻlib qolishibdi-ku?
— Qani, ichkari kiraylik...
— Menga shu yer ham boʻlaveradi, ichkari dim.
— Shopoʻlat aka, sizga ruxsat, boravering.

Devona osongina qutulganidan quvonib tezgina chiqib ketdi. Rhaq-Mirzavoy voqeani raisga asta tushuntirdi. Mamarayim uning gaplarini boʻlmay tingladi. Keyin hech nima eshitmaganday: «Jinnini yoʻlatmanglar, tamom!» deb turib oldi.
— Odamlar qoʻrqyapti bu birlamchi, — dedi qarorini izohlashga urinib, — ikkilamchi, oʻzlaring oʻylab topgan santexnikaga ham toʻgʻri kelmaydi. Doʻxtirxona ozoda boʻlishi kerak.
— Santexnika emas, sangigiena... — dedi Dilmurod uning xatosini toʻgʻrilab.
— Ha, nima boʻlsa oʻsha-da, — dedi rais bepisand ohangda.
— Axir, Toshkentdan ataylab tajriba oʻtkazaman, deb kelgan bu kishi!
— Bu yer tajribaxona emas, kolxoz! Jinni kerak boʻlsa, ana, olib ketaversin.

Rais: «Gap tamom!» degandek qamchini bilan etik qoʻnjiga bir urib qoʻydi-da, turdi.
— Toʻxtang, Mamarayim aka, gapimizni eshiting. Rentgen apparatini bilasiz-a? Dizelni ham eshitgansiz. Aslida Rentgen ham, Dizel ham olimlarning nomi. Dilmurodjon antiqa bir asbob yasaganlar. Shu bahona qishlogʻingizning nomi dunyoga mashhur boʻlsa yomonmi?

Mamarayim, meni mazax qilyaptimi bu, deb bir qarab oldi. Rhaq-Mirzavoyning jiddiy turganini koʻrib, hovridan tushdi.
— Menga qolsa, yoʻq demayman. Lekin odamlar...
— Odamlarga tushuntiramiz.
— Yaxshi, agar biror gap qoʻzgʻalsa, ranjimaysizlar... Asbobga «Kesganbel» deb nom beradimi, balo deydimi, bari bir ayab oʻtirmayman... — Rais shunday deb chiqib ketdi.

Ertasiga Rhaq raisga uchrashdi-da, toqqa chiqib ketishayotganini, dorivor giyohlar terib tushajaklarini aytib ruxsat oldi. Sahar chogʻida, Asqarali ikkita eshakka toʻqim urib bergach, yoʻlga tushishdi. Dovon oshib yuqorilashgan sari archazor qalinlasha bordi. Salqin havoda etlari junjikdi. Eshakda yurib oʻrganmaganlari uchun endi piyoda boʻlib olishgan edi. Dilmurod atrofga boqib toʻymasdi. Yolgʻizoyoq soʻqmoq qorli choʻqqi tomon uzayib boraveradi. Qorli choʻqqining uchi esa koʻrinmaydi. Paxmayib ketgan qoʻngʻir bulut xuddi togʻ choʻqqilariga ilashib qolganday qimirlamasdan turibdi.

«Odamning hayoti ham tabiatdagi daraxtu koʻkatlarga oʻxshaydi, — deb oʻylardi Dilmurod. — Odamlar har xil boʻlganidek, daraxtlar ham turlicha. Biri istagancha egilaveradi. Biri egilishdan koʻra sinishni ravo koʻradi. Mana, archalar qiyalikda ham tik oʻsyapti. Ularni qor koʻmib tashlaydi, sel yulmoqchi, shamol egmoqchi boʻladi. Lekin bari bir u tik oʻsaveradi. Qorning ham, selu shamolning ham oʻtkinchiligini biladi...»

Eshagini yetaklab olgan Rhaq Dilmuroddan besh qadamcha orqada kelardi. U ham bu ajib manzaraga suqlanib boqar, bunday goʻzallikni xayolan Tangdan izlardi. «Tang ham balki qachonlar shunday sehrli boʻlgandir, — deb oʻylardi u. — Ajdodlarimiz xuddi shunday sof havoda nafas olgandirlar. Tabiatning bunday chiroyidan zavqlangandirlar. Hozirgi avlod esa hammasidan mahrum. Tangliklar Yerga kelsa, bularning qadriga yetarmikanlar?»

Ular bir-biriga yelka tiragan ikki togʻ orasidan oʻtib, koʻm-koʻk oʻt bilan burkangan yalanglikka chiqdilar.
— Buni qarang, Mirzavoy aka, quling oʻrgilsin oromgoh boʻladigan joy ekanmi, a? — dedi Dilmurod toʻxtab.
— Ha, bunaqa jannatsifat joylar hamma yerda ham boʻlavermasa kerak, — dedi Rhaq-Mirzavoy uning gapini ma’qullab.
— Attang, ming attang, — dedi Dilmurod bosh chayqab. — Biz jannatimizning qadriga yetmaymiz. Bunaqa joyda hordiq chiqargan odamga kasal degan narsa yaqinlashmaydi. Avvalo havoning oʻzi dori. Qolaversa, faqat sut yoki qimiz ichib shifo topish mumkni. Mana shu koʻkatlarning hammasi dori.
— Sizga oʻxshagan olimlar buni xalqqa tushuntirishlari kerak-da.
— E, tushuntirish bilan ish bitmaydi. Agar soʻzim oʻtsa, boshqa narsani taklif qilardim.
— Nimani?
— Hozir kattalar Qrimda dam olishni rasm qilishgan. Borib toʻgʻri qilishadi. Yil boʻyi ishlab charchagandan keyin dam olish kerak. Ular Qrimni koʻrib, yaxshi taassurotlar bilan qaytishadi-yu, oʻshanaqa oromgohlarni shu yerda qurishni oʻylashmaydi. Shuning uchun men ularni Qrimga yubortirmasdim. Ana oʻshanda ular uzoqqa borishni oʻylamay, shu yerlarda oromgohlar qurishga majbur boʻlishardi.

Rhaq uning rejasini eshitib, kuldi.
— Dilmurodjon, sizga razm solib turibmanu hayron boʻlaman. Bir qarasam, dono, koʻp oʻylab, kam gapiradigan vazmin olimsiz. Bir qarasam, bolalarcha soddalik bilan kuyunasiz.
— Bu hammada ham bor qusur, Mirzavoy aka. Siz oʻzingizni bilmay gapiryapsiz shekilli, a?
— Men ham shunaqamanmi?
— Hozir menga taqagan aybingiz toʻlaligicha oʻzingizga tegishli. Hatto harakatingizda ham moʻ’tadillik yoʻq. Dam ogʻir qadam tashlaysiz, dam yugurib ketay deysiz. Ayniqsa qiyaliklarda sizga yetish qiyin. Yana, oʻpkamning mazasi yoʻq, deysiz. Ochigʻini aytsam, ovqatni ham bir xilda yemaysiz. Kayfiyatingizga-ku mutlaqo tushuna olmayman. Sizda askiyaga moyillik bor desam, kamgap boʻlib qolasiz. Odamovi desam, Asqarali aka bilan teppa-teng gaplashasiz. Toʻgʻri sezibmanmi?

Rhaq-Mirzavoy jilmayib bosh irgʻadi. Ammo ichidan zil ketdi. U Tang kemasidagi gen kamerasini mukammal deb hisoblagani uchun chinakam yerlik qiyofasiga kirganman, deb oʻylardi. Holbuki, harakatlarida shuncha tafovut bor ekan. Demak, vaqt oqimining tezligidagi farq genetik kod tuzilayotgan damda aniq hisobga olinmagan. Endi diqqatni bir yerga jamlab, oʻylab ish yuritish kerak...

Ular Novqatga kun oqqanda kirib kelishdi. Samovarxonaga kirib shu qishloqdan ketib qolgan jinnini surishtirishdi. Rhaq shu qishloqlik Mashhura ismli ayolni topish kerakligini bilsa ham sir boy bermadi.

Samovarxonadagilar jinni voqeasini eslash uchun koʻp urinishmadi. Darrov eslashdi.
— Oʻn yilning nari-berisida telba paydo boʻluvdi,— dedi chalakoʻsa bir qariya tamshanib. — Jalol soʻfining qizi, «Akam», deb boshlab keluvdi. Jalol soʻfining mullavachcha oʻgʻli boʻlardi. Aytishlaricha, oʻshaning esi ogʻib qogʻonakan. Omma men unga oʻxshatmadim. Yo jinni boʻgʻoniga oʻzgarib ketganmi, nevlay. Omma soʻfining qizi kichkina toʻy bergan kundan keyin jinnining ham qorasi oʻchdi. Oʻshandan beri, Xudoga shukr, Novqatda jinni zoti boʻlmadi.

Mashhuraning uyiga oʻsha qariyaning oʻzi boshlab bordi. Ichkari kirib fotiha oʻqidi-da, yumushi borligini aytib, chiqib ketdi.

Dilmurod Mashhuraning oppoq sochlari, ajin bosgan yuzi, xiyol egik qaddiga boqib, qari kampir boʻlsa kerak, deb oʻylagandi. Keyin bilsa u Devonaning singlisi ekan. Mashhura ham, uning muomalasi dagʻalroq eri ham mehmonlarning vrach ekaniga ishonishmadi. (Qaysi vrach, qaysi zamonda bitta jinnining tarixini bilaman, deb togʻ oshib kelibdi?) Shuning uchun savollarga uzuq-yuluq javob berishdi. Hatto Mashhura «Nevlay, akamga oʻxshatib edim. Keyin ketib qoldi», deb gapni kalta qildi. Rhaq suhbatni yana maromiga solaman, deganda Dilmurod qovun tushirib qoʻydi.
— Akangiz Norxoʻja degan qoʻrboshi bilan birga boʻlgan ekan. Buxoroda oʻqib kelgan ekan, shu rostmi?— degan savolni eshitib, Mashhuraning eri yorilib ketdi.
— Hoy, uka, menga qarang, siz unaqa ipni chuvalatavermang. Yoʻq yerdan aybni topib kelib qoʻyishni biz ham bilamiz. Opangizning umri bolalarni oʻqitish bilan oʻtyapti. Men ham kolxozda kichkina emasman. Bizni qaqshatishni oʻylamang. Mening urugʻimda ham, opangizning urugʻida ham bosmachi, mulla degani boʻlmagan. Opangizning akasi qizil komandir edi. Hujjatlarimiz bor. Bizni gangitmang. Choyni ichib boʻlgandirsizlar-a?

Bu gapdan keyin noiloj turib, samovarxonaga qaytishdi. Mashhura ularning koʻziga qaray olmadi. Eri boʻlsa, pok odam ekanini to koʻchaga qadar ta’kidlab bordi.

Samovarxonadagilar boʻlgan voqeani eshitib achinishdi.
— Shunaqa boʻlishini bilib, darrov izimga qayta qoluvdim, — dedi hali yoʻl koʻrsatgan qariya. — Bu soʻltamatga aql bitmadi-bitmadi. Eshigingga otangning qotili kelsa ham bir kechaga joy qilib bermaysanmi, it emgan. Axir uyingga non soʻrab kelishmabdi-ku? Tagʻin ham baxtiga omonliq zamon. Eski paytlar boʻlganda mehmonning yuziga chopgani uchun sazoyi qilinardi...
— Jinnining qadamini ham oʻsha nomard qirqdi. Toʻyda odamlarga koʻrinsa izza chekaman, deb togʻasinikiga olib borib qamab qoʻyibdi. Jinnida ham farosat boʻlarkan-da, eshigiga qaytib kelmadi.

Samovarxonadagilar Mashhuraning eriga shu zaylda la’nat tamgʻasini bosishgach, mehmonlarni (biri olib, biri qoʻyib) uylariga chorlashdi. Rhaq bilan Dilmurod qulluq qilib, samovarxonada qolishdi.
— Har holda kelganimiz chakki boʻlmadi. Voqea ancha oydinlashdi. Devona shu xotinning akasi. Dovdirashidan bilinib turibdi. Faqat aytishga qoʻrqyapti. Endi oʻz otini aytib chaqirsak ham boʻladi, — dedi Dilmurod, ichiga paxta tiqilgan qattiq yostiqqa yonboshlab.
— Yarasini yangilab qoʻymaymizmi? — dedi Rhaq oʻrnini tuzata turib.
— Bu gapingizda jon bor. Agar unga qattiq ta’sir qilgan voqeani aniqlasak, qoyilmaqom ish boʻlardi. Lekin bu voqeani bularning oʻzlari ham bilmasa kerak. Har holda, bosmachilarga bogʻliqqa oʻxshaydi. Boshiga urishganmi, qoʻrqitishganmi, qiynashganmi, ishqilib, bir gap boʻlgan. Askar qalpogʻi esingizdami? Demak, u Mashhuraning katta akasiniki. Demak, jinni aqlini butunlay yoʻqotmagan. Bu ishimizni ancha yengillashtiruvchi dalil!

Dilmurod «kerakli narsalarni» bilib olganidan mamnun edi. Rhaq esa Mashhuraning yashirin oʻylarini oʻqib, Sabohiddinning qismatiga yanada kuchliroq qaygʻurardi.

Novqatdan qaytishgandan soʻng Dilmurod sinovga tayyorgarlikni tezlashtirdi. Devona xonaga kirib yotishga toʻrt marta boʻyin bermadi. Oxiri, hech qanday qoʻrqinchli hodisa sodir boʻlmasligiga ishonch hosil qilgach, ustiga charm qoplangan taxta soʻri ustiga chiqib koʻzlarini chaqchaytirgancha jim yotdi. TET ishga tushib impuls yuborilgach, hushidan ketdi. Rhaq savol nazari bilan Dilmurodga qaradi.
— Me’yoridan sal oshiribmiz. Xavotir olmang, hozir hushiga keladi, — dedi Dilmurod uning mijjalarini qayirib koʻrar ekan.

Devona ikki soat harakatsiz yotdi. Keyin badaniga titroq kirdi-da, oʻrnidan turdi. Rhaq bilan Dilmurodga hayrat bilan tikilib, orqasiga tisarilganicha chiqib ketdi.

Dilmurod oʻzini xotirjam koʻrsatishga urinsa-da, asta titrayotgan barmoqlari hayajonini fosh qilib turardi. Shuning uchun ham u asbobni shosha-pisha gʻilofga joylagach, uyga borib dam olajagini bahona qilib chiqib ketdi.

Rhaq uning asl maqsadini bilgani uchun kuzatgani chiqmadi. Charm qoplangan soʻriga oʻtirib, oʻyga toldi...

«Hozir uyga boradi-yu, panalab qabristonga yoʻl oladi. Devonani kuzatadi. Hayajonini mendan yashirmoqchi. Birinchi sinovning yaxshi oʻtganini hali oʻzi bilmaydi. Qishloqqa kelganiga oy toʻladi, ammo bir zum tinch turmadi. Doim bir narsani fikrlaydi, bahslashadi, isbot qilmoqchi boʻladi. Xullas, qaragan kishi uning tirik ekanini, yuragi urib turganini darrov his qiladi. Tangliklar esa... ularning tirikligini faqat harakatlanishidan bilish mumkin...»

Rhaqning koʻz oldiga Fidning horgʻin chehrasi keldi. Rhaq ikkinchi safarga tayyorgarlik koʻrayotganida Fid oʻzining qarashlarini oshkor etgan, hamisha Rhaq bilan yakdil ekanini bildirgan edi.

Yerga safar qilinguncha Tang donishmandlari masalalarni bahsga berilmay turib tezda hal etardilar. Lukn bilan Rhaqning kundaliklaridagi qarama-qarshi fikr kutilmaganda ularni ikki oqimga ajratib qoʻydi. Rhaq Yer taraqqiyotiga ta’sir koʻrsatmay, yerliklarning ichki dunyosini sof saqlab qolish kerak, degan talabni ilgari surgan edi. Fid Rhaqning «tezkor taraqqiyot bilan ichki ma’naviy dunyo bir-birini rad etadi. Tushunmovchilik, xatolar, urushlar barham topib, Yerda oqibat, chinakam mehr-muhabbat qaror topadi», degan fikrini qoʻllab yanglishmagan edi. Agar Yerga kelganda bunga oʻzi ham iqror boʻlardi. Mutanosiblikni buzib, taraqqiyotni tezlatish tarafdorlari koʻproq edi. Yerning boshqa nuqtalarini kuzatayotgan tangliklar agar oʻzgacha xulosaga kelsalar, qora oqim mutlaq qarorga kelib qoʻyishi mumkin. Fid atrofidagi bir necha donishmand bilan katta kuchga dosh bera olarmikan?..

Bu oʻlkaning asriy uyqudan uygʻonayotganini koʻr ham payqashi mumkin. Avvalgi safar chogʻida Shoaziz oʻtkir zehnli allomalardan soʻz ochganida amir boʻyniga ayb sirtmogʻini ilgan edi. Salimxoʻja esa zamon allomalarining koʻz ochishi uchun nimalar qilish kerakligini aytgan edi. Uning bashorati toʻgʻri chiqdi. Mana, Dilmurod Yer sathida hech bir donishmand oʻylamagan ishni qildi. Erta-indin Devonaning xotirasini butkul tiklab, hushini joyiga keltiradi. Uygʻonishning isboti uchun yana nima kerak?

Rhaq Devona hushsiz yotganda tunov kuni uni gipnoz qilganidan afsuslandi. Shoshilmasligi kerak ekan. Chunki oʻsha gipnoz ta’sirida Devonaning xotirasi qisman tiklanib qolgan, bugun esdaliklarning davomi yuz ochgan edi. Rhaq bu esdaliklarni oʻqib, endi Devonani oʻz holiga qoʻyishga ahd qildi.

Hozir xonada yolgʻiz qolgach, Devonaning boshiga tushgan savdolarning davomini koʻz oldiga keltirdi. Ustarada qirdirilgan boshiga choldoʻppi qoʻndirilgan, oq yaktak, oq ishton kiygan, qoruvli gavdasini hiyol egib tasbeh oʻgirgancha xomush tortgan Sabohiddin nigohidan ketmay qoldi...

Mubham Soʻqmoq

Otasining nogahoniy oʻlimidan dili vayron boʻlgan Sabohiddin singlisining qismatini oʻylab, yurak-bagʻri ezilib ketdi.

U singlisi uchun Norxoʻjaning qarorgohi nima ekan, u dunyoga borib kelishdan ham toymasdi. Sabohiddin ikki tomoni nayzayu tigʻlar bilan qurshalgan soʻqmoqqa kirib borayotganini bilardi. Tigʻlardan duoyu iltijolar yordamida qutulib boʻlmasligiga ham aqli yetardi. Yoshligida koʻziga ajina koʻrinsa, darrov kalima qaytarardi. Koshki edi, jinlar bazmiga kirib borayotgan boʻlsa, yoʻq, u doʻzax otashi tomon boryapti. Balki u yerda azroil bilan yuzma-yuz kelar. Balki omonatini topshirar. Sabohiddin bila turib shu manzilga boryapti. Oʻzga chora yoʻq. Uni bu tomonlarga jihod istagi boshlab kelgan edi. Endi esa fikru xayoli singlisining taqdiri bilan band. Ishqilib, singlisi omon qolsa, bas. Tengini topib uzatsa, boʻynidagi qarzdan xalos boʻlib, otasining arvohini rozi etardi...

Sabohiddin shu oʻylar girdobiga tushgan bir mahalda ot dupuri eshitildi. Chavandoz ularning eshiklari oldida toʻxtadi. U oy yorugʻida akasini tanib, irgʻib oʻrnidan turdi. Jamoliddin otasining qazosidan xabar topib kelgan edi. Shu uchun ukasini quchoqlab, unsiz yigʻladi. Bu orada ichkaridan Sohiba aya chiqib past ovozda yigʻi boshlab, oʻgʻlini bagʻriga bosdi.

Sabohiddin: «Akam bas qil, deb qolmasmikan», degan xavotir bilan tilovat qila boshladi. Yoʻq, Jamoliddin indamadi. Aksincha, ukasiga qoʻshilib fotiha oʻqidi.

Aka-uka Sohiba ayaga: «Kirib damingizni oling», deyishsa ham, aya unamadi. Oʻgʻillarining diydoriga toʻyay deb tun yarmidan oqquncha oʻtirdi. Tong bilan baravar turishdi. Sabohiddin bomdodni oʻqib olguncha Jamoliddin otiga yem tashlab, qashlagan boʻldi. Keyin ikkovlon qabristonga yoʻl oldilar.
— Men hozir ketishim kerak, — dedi Jamoliddin qaytar mahallarida. — Imillamay Mashhurani olib kel.
— Taqsirim bilan bormoqchimiz. — Sabohiddin Xoliqberdi toʻra bilan uchrashganini, uning topshirigʻini akasidan yashirdi.
— Shunday boʻlishini sezgan edim. Bosmachilarga oʻtishing aniq ekan.
— Qishloqning koʻp yigitlari islom lashkarlari, siz aytmoqchi, bosmachilar safida ekan. Ulardan bu qadar nafratlanishingiz oʻrinsizmikin... axir... «bosmachi» ham siz bilan menga oʻxshagan odam. Ular ham el-yurt deb azob chekishyapti.
— Bu gaping toʻgʻri. Bizdaqalari ham bor. Surgundan yurib men koʻp narsa angladim. Eng muhimi, haqiqat yagona boʻlsa ham uni turli odam turlicha tushunar ekan. Zamon notinchlanib, adashganlar ham koʻpaydi. Kim haq ekanini bilmay garangsib yurganlar undan ham koʻp. Mana, oʻzing ham farqiga bormaysan-ku?
— Men haqiqat imonlilarda deb bilaman.

Sabohiddin, akam yana qizishib ketar, deb oʻyladi. Yoʻq, Jamoliddin uning gapini eshitib, bosh chayqab qoʻydiyu oyogʻi ostiga qaragancha bir me’yorda yuraverdi. Qabristondan koʻngli choʻkib chiqqani uchunmi, uning shashti past, ukasiga Margʻilondagi kabi qoʻpol muomala qilmas, aksincha, muloyim gapirardi. Boshqa bir tomondan u Sabohiddinning sirtmoqqa tushib qolganini fahmlagan, endi uni qutqarish yoʻlini izlab, garang boʻlayotgan edi.
— Bosmachilar quroq dasturxonga oʻxshaydi. Ularning dastidan yurt ham quroq boʻlib ketdi. Bu ahvolda uzoqqa borisholmaydi. Ular chetga sigʻinishyapti. Goʻyoki chetdagilar dinning panohi, tayanchi emish. Padariga la’nat bunday tayanchning. Agar foyda unishiga koʻzi yetmasa, hech kim qayrilib qaramaydi. Ular hamyonlarining qappayishini oʻylab, yurtimizga adovat urugʻini sochishyapti... Musulmonchilikning pok, nopok boʻlishi bilan inglisning necha chaqalik ishi bor? Nahotki shuni tushunish qiyin boʻlsa? Ularga dinning pokizaligi emas, yurtimizning boyligi kerak.
— Boylik kerak ekan, oʻzlari qoʻshin tortavermaydilarmi?
— Nodonsan, uka. Hali ham esing kirmabdi. Dunyoning ishlari sen oʻylaganchalik oson emas. Boquvda turgan otga tushov urish mashaqqatli, ammo holdan toygani indamaygina boʻyin egib turib beradi. Ular bizning oʻlar holga kelishimizni kutishyapti. Bu — birlamchi. Ikkilamchi, hokimiyatni bosmachilar qoʻli bilan olishmoqchi.
— Shoʻrolar-chi?

Sabohiddinning shu topda akasi bilan bahslashish niyati yoʻq edi. Savolni oʻzi istamagan holda berdi. Soʻramasa ham boʻlardi, chunki olajak javobini taxminan boʻlsa-da, bilardi. Sabohiddin ingliz bilan oʻrisning muddaosida farq koʻrmasdi. Ularning har biri oyoqlar ostiga munofiqlik toʻrlarini tashlashgan. Ularning har ikkovi ham makkor ovchi. Ovchi ov ovlaydi. Goʻshtini yeydi, terisini shilib, sotadi... Ovchi hech mahal oʻljasiga erkinlik berish uchun tuzoq qoʻymaydi. Agar «oʻljamga ozodlik in’om etmoq maqsadida ov qilyapman», desa odamlar undan kulib, jinniga chiqarishadi. Ammo nechundir hech kim inglizdan ham, shoʻrodan ham kulmaydi, ularni tentak demaydi. Balki koʻzlarini chirt yumganlari holda soʻzlariga inonmoq istaydilar. Sabohiddin Salimxoʻja bilan suhbatlarida bunga amin boʻlgan. Sabohiddin bu safar ham yanglishmadi: akasi u kutgan javobni berdi:
— Shoʻrolar bizning erkimizni oʻz qoʻlimizga topshirgan.

Sabohiddin boshqa gap qoʻshishni istamadi. Akasining yonida jim boraverdi. U akasiga «siz sarob sari boryapsiz. Bora-bora topganingiz jahannam azobi boʻladi», demoqqa ogʻiz juftladi-yu, biroq bunday soʻzlarning oʻrni emasligiga fahmi yetib, tilini tiydi.
— Adashganlar koʻp, ularga achinaman, — dedi Jamoliddin xuddi oʻziga oʻzi gapirayotganday bosiq ohangda.
— Sizlar tomondami? — deb soʻradi Sabohiddin. Akasi unga norozi qiyofada qarab oldi.
— Yoʻq, senlar tomonda, — dedi «senlar» soʻziga urgʻu berib.
— Xoliqberdi toʻra hammi?
— Adashganlarning eng kattasi oʻsha. Bekorga qon toʻkilyapti. Yigitlar bekorga oʻlib ketishyapti...
— Bekorga emas... — Sabohiddin shunday deb jimib qoldi. Akasi «Gapni yamlama», deganday unga qaradi. Sabohiddin bir-ikki qadam qoʻygach, soʻzida davom etdi: — Olloh taborak va taolo marhamat qilib deydiki: «Olloh yoʻlida halok boʻlgan shahidlar haqida «bular oʻliklar», demangiz! Yoʻq, ular tiriklardir, lekin sizlar sezmaysizlar.» Ular uchun jannatdan joy hozirlab qoʻyilarkan. Ammo shahid jannatda koʻrgan ehtirom va rohatdan keyin ham yana bu dunyoga qaytib chiqib yana oʻn marta halok boʻlishni orzu qilarkan.

Sabohiddin bu gaplarni aytib, «Akam Margʻilondagi kabi sapchib tusharmikin, «jannating yoʻq narsa», deb yana kufrga ketarmikin», deb xavotirlandi. Lekin bu safar Jamoliddin javob qaytarmay, ukasini ajablantirdi.

Koʻchalariga burilgach, eshiklari oldida toʻplangan odamlarni koʻrib, ajablanishdi. Olomon ularning yoʻlini toʻsdi.
— Ana, kallakesar padarkushning oʻzi kelyapti, — deb qichqirishdi.

Jamoliddin bu gapni eshitib, qoʻlini gʻilof sari yubordi.
— Toʻpponchangni tek qoʻyatur, — dedi qoʻliga soʻyil ushlagan, yalang oyoq, piltasi chiqqan doʻppi kiygan oʻrta yashar kishi.
— Ha, Maqsum togʻa, bu nima harakat oʻzi? — dedi Jamoliddin.
— Goʻshtni qaerga yashirding?
— Qanaqa goʻsht?
— Peshonamda bittayu-bitta gʻunajin borligini bilarmiding. Bolalarning rizqiga Xudoning rahmi kelib, bosmachilarga ham oldirmagandi. Sen yulib oldingmi, haromi! — Maqsum togʻa shunday deb soʻyilni koʻtardi. Olomon baqirib-chaqirib ularning ustiga bostirib kela boshladi. Jamoliddin mauzerini chiqarib osmonga ketma-ket ikkita oʻq uzdi. Odamlar toʻxtashdi.
— Maqsum togʻa, gʻunajiningizni boshimga uramanmi? Birov tuhmat qilibdi.
— Tuhmat deysanmi? Gʻunajinning terisini ham birov ogʻilxonangga tashlab ketibdimi?
— Shoʻrolar kambagʻallarga qayishadi, deyishardi. Bosmachidan battar oʻgʻri ekan-ku!
— Otangni shoʻrolar otgan edi. Xun olishni oʻylamay...
— Bu gapni qoʻyatur. Goʻshtni berkitgan joyini koʻrsatsin.
— Gapimga ishoning, — dedi Jamoliddin boʻgʻilib.
— Toʻpponchangni yoʻqot. Koʻzimga hech nima koʻrinmay turibdi, mayib qilib qoʻyaman, bola.
— Oʻgʻirlamagan boʻlsang, aslahangni yechib gaplash biz bilan. Mana, hech birimizda qurol yoʻq.
— Bizga ishonmasang, ukangga berib qoʻy. Oldimizga tushib, ellikboshiga borasan.

Jamoliddin bu gaplardan keyin noiloj aslahalarini yechib ukasiga berdi-da, olomon oldiga tushdi. Guzarga yetishganda besh chogʻli otliq ularning yoʻlini toʻsdi. Jamoliddin bosmachilarning tuzogʻiga ilinganini anglab, qochmoqchi boʻldi. Biroq, odamlar uning qoʻllarini qayirib oldilar.
— Nima gap? — dedi oʻng qoʻlida beshotar ushlagan, shoyi chorsini peshonasiga chapanicha bogʻlagan kishi.

Odamlar biri olib, biri qoʻyib voqeani bayon qilishdi.
— Shoʻrolarning ta’zirini qoʻrboshining oʻzi beradi.

U gapini tugatishi bilan toʻrt yigit otdan irgʻib tushib, Jamoliddinning qoʻl-oyogʻini bogʻlay boshladi. Yordamga tashlangan Sabohiddinning boshiga ogʻir narsa urilib, hushidan ketdi. Koʻzini ochib, oʻzini uyida koʻrdi. Tepasida Sultonmurod, sal narida esa Sohiba aya taqdirni la’natlab oʻtiribdi. Sabohiddin nimadir demoqchi edi, tili aylanmadi. Uning aytmoqchi boʻlgan gapini Sultonmurod angladi.
— Barini eshitdim, oʻgʻlim. Xotirjam boʻling. Akangizni Norxoʻjaning yigitlari olib ketibdi. Xudo xohlasa, biz ham bomdoddan keyin yoʻlga chiqamiz.

... Sohiba aya oʻn toʻrt farzand koʻrib, oʻn bir goʻdagini yerga qoʻygan. Oʻn bir marta onalik quvonchini norasidalariga qoʻshib qora yerga koʻmgan. Oʻsha «oʻn bir hur goʻdakning umrini ham, baxtini ham, rizqini ham Ollohim qolgan uchtasiga bergani rost boʻlsin», deb yurganida, umidi xira tortdi. Kattasini uylantirib endi rohatini koʻraman deganida oʻgʻli taloq xatini berdi. Yosh yigit soʻppayib oʻtib ketarmidi dunyodan. Qayta uylantiramiz, deb turishganda, oraga shayton aralashdi-yu, Jamoliddinni surgun qilishdi. Xayriyatki, u besh yilda qaytdi. Ammo bari bir diydoriga toʻymadi. Orzu-havas koʻrolmadi. Olatasir boshlanib, oʻgʻli shoʻrolarga qoʻshilib ketdi. Ba’zan oylab xabari boʻlmaydi. Ishqilib, ajal quvmagan boʻlsin. Zamon notinch ekan, erkaklarning boshi tashvishdan chiqmaydi. Lekin qiz bolaning gunohi nima? Xudo qizini ham bagʻriga sigʻdirmay, unga yana qanday alamni ravo koʻrdi ekan? Sultonmurod uni panohiga olib balki savob qilgandir? Unday desa musofirlikdan qaytgan Sabohiddinni ham uzoq yoʻlga boshlab ketyapti. Uy huvillab qolyapti. Goʻyo u sira farzand koʻrmaganday, bir umr yakka-yolgʻiz yashaganday. Bir oʻzi... Yolgʻiz... Uning dardiga kim darmon boʻlarkin?.. U ham barcha onalar kabi ohini ichiga yutadi. Boshqa iloji yoʻq.

Ona ham dunyoga bir marta keladi, ammo necha bor oʻlib-tiriladi. Farzandiga zirapcha kirsa, uning bagʻriga xanjar sanchilganday boʻladi. Farzand dogʻi, ayriliq ona qalbini otashda qovuradi. Agar ona tiriklayin oʻtda kuydirilsa, bunchalik azob chekmasdi. Ona tortgan dard bilan quvonch tarozi pallasiga qoʻyilsa, umr boʻyi koʻrgan shodliklari bir kunlik dardiga ham bas kelolmasligi aniq.

Sabohiddin ayasining koʻzlariga qarab, yurak-bagʻri ezilib ketdi. Sohiba ayaning yosh aylanib turgan koʻzlari mungga toʻlgan. Shu holda ham u Xudoga shukr qilib, dardini sirtiga chiqarmasdi. Sabohiddin bomdoddan keyin onasining iltijolariga beixtiyor quloq tutdi. «Farzandlarimni bagʻrimdan yulib olguncha, bir burda nonga zor qilsang boʻlmasmidi...» Bu nola Sabohiddinning bagʻrini tilib, tuz sepdi. Xayrlashar chogʻida ham onasining yigʻlamsirab aytgan gaplari qulogʻi ostida jaranglayverdi: «Farzandlarimni bagʻrimdan yulib olguncha, bir burda nonga zor qilsang boʻlmasmidi...»

Sabohiddin onasini ostonada yolgʻiz qoldirib, koʻngli choʻkkan, ezilgan ahvolda imomga ergashdi. Dastlab orqasiga oʻgirilib qaraganida onasi eshikka suyanib turardi. Yana bir qarasa, mushtday boʻlib choʻnqayib oʻtiribdi. Keyinroq orqasiga oʻgirilganida, ularning hovlisini daraxtlar pana qilib qoʻygan edi. Shabada turib, daraxt barglari shivirlay boshladi. Bu shivir orasida u yana onasining ohini eshitdi:

« ... bir burda nonga zor qilsang boʻlmasmidi...»

Otlarni oʻz holiga qoʻyishdi. Jonivorlar asta yoʻrgʻalaydi. Katta oq salla oʻrab, oq chopon kiygan Sultonmurodni koʻrganlar ta’zimga shaylanishadi. Qishloqdan chiqishgach, otlarni ildamlatishdi.
— Taqsir, shuncha kundan beri ogʻzingizni poylayman, oʻzingiz ayta qolay demaysiz.
— Nimani, oʻgʻlim?
— Siz qishloqdagi hamma odamni yaxshi bilasiz. Dadamni kim oʻldirgan boʻlishi mumkin?
— Oʻzimning ham aqlim bovar qilmay qoldi, oʻgʻlim. Dadangiz begunoh moʻmin-musulmon edi. Birov bilan hech mahal sen-menga borganmas.
— Yoki qotil biror boshqa kishi bilan adashtirdimikin?
— Bundan bexabarman.
— Otgan odam shoʻrolardanmi, yo...
— Masjidga qarab kim oʻq uzishi mumkin?
— Axir, akam shoʻrolar tomonida-ku?
— Xudodan qoʻrqmagan, otani ayamaydi.

Sabohiddinning nafasi ichiga tushdi. U «taqsir sirni ochishga koʻmaklashar», deb oʻylagan edi. Aksi boʻlib chiqdi.

Yon-atrofda daraxt koʻrinmaydi. Bahaybat toshlar orasida, quyoshning nurli tigʻida kuyib borishadi. Sultonmurod otni niqtab tezlatadi. Otlar mayda toshlarda sirgʻana-sirgʻana ildamlaydi. Sabohiddin domlaning ogʻzini poylaydi. Yoʻl boshlab ketayotgan imom esa jim. Daradan oʻtishgach, Sabohiddin unga yana soʻz qotdi:
— Taqsir, odamlarning boʻlinib-boʻlinib ketganiga sira tushuna olmayapman. Tuppa-tuzuk, ahil-inoq yashar edik-ku? Bir qism odam endi shoʻrolarga qoʻshilibdi, bir qismi Norxoʻja eshonda, bir qismi Xoliqberdi toʻrada, yana bir qismi Shermat qoʻrboshida, Muhiddin qoʻrboshida...
— Yana mayda qoʻrboshilarni ayting.
— Ha, ilgarilari ochin-toʻqinga ham chidab birga-birga yashardik. Xudo urgani shumikin?
— Odamlar aqldan ozdi. Shaytonning qoʻli baland kelib qoldi. Bu nima? Bu — oxir zamon belgisi! Agar imonsizlar yoʻldan qaytmasa, qiyomat boʻladi.
— Taqsir shoʻrolar Xudoning adashgan bandalari, shakkoklar, imonsizlar desam, oralarida imonlilari ham bor emish.
— Chin musulmon bandalari kam ularning orasida. Shoʻrolar kofirlarning fisqiga uchib, ularning dinini qabul qilmoqchi. Avval podshoni yoʻq qilishdi. Keyin xesh-aqrabolarni. Ular barcha baravar ishlasin, hosilni teng boʻlaylik, deydi.
— Bu gaplari yomon emas-ku?

Sultonmurod ichida «qazisan, qartasan...» deb gʻijinganicha unga olayib qaradi.
— Bandalarga rizqni shoʻrolar emas, faqat va faqat Olloh berishini unutdingizmi? Men yaqinda, Norxoʻja eshon Novqatni olmasdan ilgari, bir bolshavoy bilan tortishdim.
— Siz-a?
— Ha-da! Uning aytishicha, erkagu xotin baravar boʻlar emish. Erkak nima ish qilsa, xotin ham shuni qilarkan. Erkak kirgan joyga xotin ham kiraverar ekan.
— Masjidga hammi?

Sultonmurod kulib yubordi.
— E, lodon, ular masjidning kulini koʻkka sovurmoqchi-yu, xotinlarni olib kelishadimi? Uning aytishicha, doʻkon rastalarida xotinlar ham savdo qilishi mumkin, dalada ham ochiq-oydin ishlayveradi. Erkaklarga qoʻshilib savod chiqaraveradi. Nomahram degan gap boʻlmaydi. Ammo men uni boplab mot qildim.
— Bolshavoynimi?
— Ha. Xotinlar zaifa bir narsa, doʻkonda qosh-koʻzini suzib tursa, erkaklarning niyati buzilmaydimi, ayollar xiyonat yoʻliga kirib ketmaydimi, dedim.
— U nima deydi?
— Nima derdi, yoʻq, deydi-da. Shunda men: «Mayli, siz aytganday boʻlsin. Xotiningizni birovning qoʻynida yotganini koʻrganingizda imom-domla haq ekanlar, deysiz», dedim. Qizarib, alanga boʻlib ketdi, bechora. Keyin men undan: «Xotin kishi nima uchun yaratiladi?» deb soʻradim. U allaqancha gaplarni aytib tashladi. Soʻng men maydalab soʻradim. «Ayol kishi erkakdan zaifroq, nozikroq boʻladi-a? Shu nozikligi bilan erkaklarning koʻnglini ovlaydi. Erkak bilan baravar ishlasa, nozikligi qayga ketadi? Badani dagʻal, qoʻllari tosh xotin kimga kerak?»
— Menga kerak, demadimi?
— E, qayda! Ogʻiz ocholmadi. Nafsilamrini aytganda, unga ham... — Sultonmurod bir gap aytmoqchi boʻldi-yu, Sabohiddinning boʻydoqligini, oʻzining mavqeini eslab tilini tiydi, — nozik xotin kerak-da. Keyin yana soʻradim: «Mulla yigit, sizni kim tuqqan? Onangiz. Kim tarbiya qildi? Onangiz. Xotin eng avvalo shuning uchun yaratilgan. Ona jonivor ertadan-kechgacha erkak bilan barobar ishlasa, bolaga kim qaraydi? Bolaga kim tarbiya beradi?» deb soʻradim.
— Yana jim qoldimi?
— Yoʻq, oʻttiz-qirq bolaga bir tarbiyachi boʻladi, deydi. Buning topgan gapini qarang, axir, odam hakka emaski, tuxumini boshqa inga qoʻyib ketaversa. Har bitta ona bolasiga sut bilan birga tarbiya ham berishi kerak. Sen tugʻib qoʻysangu boshqa xotin tarbiyalasa, bolada ena-otaga mehr boʻlarmidi? Asrandidan farqi qoladimi?
— Shu gaplarni aytdingizmi?
— Aytdim-da! Tayinli javob berolmasa ham, boʻsh kelgisi yoʻq, bachchagʻarning.

Soyni kechib oʻtishganda kun tikkaga kelgan edi. Otdan tushib tahorat oldilar-da, namozni yalanglikda oʻqidilar. Soʻng toʻrvadan non, mayiz, turshak olib, tamaddi qildilar. Keyin yana soy boʻylab yuqorilay boshladilar.
— Taqsir, siz meni Norxoʻja eshon huzuriga boshlab boryapsiz. Men u kishini sira koʻrmaganman. U kishining niyatlarini ham bilmayman.
— Qoʻrboshining niyatlari koʻkrak sutidek pok, oʻgʻlim. Norxoʻja eshon oqposhsho mahalida ham gʻayridinlarga soʻz bermasdilar. Tegirmonlaridan tushgan daromad oʻzlariga yetib-ortardi. Ammo, u zot yurtimizni gʻayridinlardan tozalash, imonsizlarni haq yoʻlga qaytarish istagida halovatlaridan voz kechib, islom lashkarlarini toʻplayotirlar. Siz bilan mening vazifam — bandalarni jihodga chorlashda eshonga koʻmak berish.
— Yurt-ku, gʻayridinlardan ozod boʻlar, lekin beklarning boshi birikarmikin?
— Xudo xohlasa, birikadi.
— Unda oq kigiz kimga nasib etadi? Xoliqberdi toʻragami?

Sultonmurod javob bermay yuzini teskari oʻgirib oldi. Keyin: «Hali bu haqda bashorat qilish erta», deb gʻudrandi. Sabohiddin uning Xoliqberdi toʻraga qarshi gʻarazi bor ekanini sezdi. Shunday katta kuchi boʻla turib Xoliqberdi toʻra, islom lashkarlarining qoʻli baland kelgan taqdirda, yurt qanday soʻralishini bilmaydi. Qumursqalarga oʻxshagan bu koʻrboshilarning niyati nima ekan? Xon boʻlishmi? Xoliqberdi toʻra ahli dinga ishonch bildirmadi. Balki, Norxoʻjaning niyati islom jumhuriyati barpo etishdir?

Norxoʻja eshonning qarorgohiga shomdan soʻng yetib bordilar. Sultonmurod Sabohiddinning istagi bilan uni Mashhuraning oʻtoviga boshladi. Oʻzi qoʻrboshidan xabar olgani ketdi.

* * *

Devona hujrasi yonidagi xarsang ustida jagʻini tizzasiga tiragan holda, koʻzini qishloq tomon tikib, qimir etmay oʻtirar edi. Bir mahal qabriston yoʻlida odam qorasini sezib, sergaklandi. Oʻrnidan turmoqchi boʻldi. Dilmurodni tanib, joyidan jilmadi. Dilmurod xarsang ustidagi Devonani koʻrgach, toʻxtadi. Daraxtning panasiga oʻtdi.

Devona uning barcha harakatlarini kuzatib oʻtirardi. «Bu odamlarga nima kerak oʻzi? — deb oʻylardi u. — Nimaga mening atrofimda girdikapalak boʻlib qolishdi? Koʻngillarida yomonlik yoʻqligini sezib turibman. Lekin maqsadlari nima? Ularni koʻrganim sayin unutib yuborgan odamlarni eslaydigan boʻlib qoldim. Padarla’nat Sultonmurod, Norxoʻja qoʻrboshi tushimga ham kirmay qoʻyuvdi. Bugun Mashhurani esladim. Qiziq, Mashhura mehribon edi. Yomon odamni er qilibdi. Meni qamab qoʻydi. Bilmaydi, deb oʻylagan. Men bilaman, ha, hammasini bilaman. Ular: «Koʻp ovqat yeb qoʻyadi, bizga qolmaydi», deb qoʻrqishadi. Yomon odam ular. Men bitta qoʻyni yeya olmayman. Padarla’nat Norxoʻja yerdi. Akamni ham yedi. Akam? Akam qani?...» Devona seskanib tushdi. Sapchib oʻrnidan turdi-da, atrofiga olazarak qaradi.
— Aka!

Uning xirildoq ovozi Dilmurodga arang eshitildi.
— Aka... a... a!..

Bu safar Devona bor ovozi bilan baqirdi. Dilmurod choʻchib tushdi. Devona paypaslanib, qoʻliga ilingan tosh-kesaklarni duch kelgan tomonga otib, xayolidagi akasini muhofaza qildi. Bir mahal qoʻli handalak singari yumaloq toshga tegib, serrayganicha qotib qoldi. Tiz choʻkdi. Toshni avaylab olib, bagʻriga bosdi. «Aka, akajonim», deb piqillab yigʻlay boshladi.

Keyin oʻrnidan turib, hujrasiga kirib ketdi.

Dilmurod orqasiga qaytay deganda Devonaning qah-qah urib kulgani eshitildi:
— Qochdi, hammasi qochdi. Ularni boplab aldadim!

Dilmurod yana biror gap eshitilib qolarmikin, deb kutdi. Devonadan sado chiqmadi.

Qaldirgʻoch Uchib Ketdi

Kesganbel koʻchalarini changitib poda qaytdi. Ayollar barcha yumushlarini yigʻishtirib, hovliga kirib kelgan sigirlarni bogʻlagach, silab, erkalagan boʻlishadi-da, choʻnqayib sogʻa boshlashadi. Sigirlar oxurdagi bedani xotirjam kavshab, sal narida tipirchilab yelinga intilayotgan buzoqlariga ba’zan qarab sekingina moʻ’rab qoʻyishadi. Sut sogʻib olingach, buzoq boʻshatiladi. U boshini choʻzib yugurganicha toʻgʻri onasining yeliniga keladi. Oldingi oyoqlari bilan tizzalaydi-da, boʻshab qolayozgan yelinni zoʻr berib ema boshlaydi.

Bolalarning kattaroqlari hali koʻchadan qaytmagan, kuni bilan tugamagan oʻyinlarining eng qiziqarlisi endi boshlangan. Xuddi kunduzi uyga qamalib, endi bodroq kabi sochilganday, qishloqni bolalarning ovozi bosgan. Onda-sonda ayollarning: «Hay, Abdulboqi, kel deyapman, oʻyinlaring ham qurib ketsin-da, hech tugamaydi», «Jalilxon, yuguring, oʻgʻlim, dadangizni samovardan aytib keling», degan ovozlari aralashib qoladi.

Quyosh togʻ ortiga oʻtib, qishloqqa asta qorongʻilik choʻka boshlaganda poydevori baland qilib qurilgan samovarxona yanada gavjumlashdi. Odamlarning aksari ayvondagi soʻrilarda davra qurishgan. Belidagi qiyigʻidan nosqovogʻi doʻppayib chiqib turgan oq yaktakli Asqarali eshik kesakisiga suyanganicha chiroq shisha artar, qulogʻi esa soʻridagilarning suhbatida edi.
— Jamoa jam, Frunzening quroldoshi kelyapti,— dedi Asqarali kulib.
— Kim dedingiz? — Dilmurod Asqaralining gapiga tushunmay savol nazari bilan qaradi.
— Bir qaynovi ichida odam bor, ana, yuqoriga chiqib kelayotgan bahaybat kishini koʻryapsizmi? Yozda qirgʻizlar bilan yurib, qoʻtos boqadi. Ba’zi-ba’zida qishloqqa tushadi. Frunze bilan birga xizmat qilganman, deb yuradi. Hozir oʻzingiz eshitasiz.

Koʻpchilik hurmat yuzasidan oʻrnidan turib, barzangi bilan qoʻl olib soʻrashdi. Ora-sira kulgi ham koʻtariladi. Asqaralining imosi bilan dastyor bola bir choynak choy, cheti uchgan bitta piyola, patnisda turshak, mayiz, olmaqoqi keltirib qoʻydi.
— Ha, Joʻravoy omonlikmi? Selkillab yuribsanmi? — dedi Asqarali uni suhbatga tortish uchun.
— Yuribmiz, togʻajon, yuribmiz, qulluq, — dedi Joʻravoy qoʻlini koʻksiga qoʻyib. — Oʻzim Joʻravoy, kelbatim meravoy. Oʻzlari ham makkayiday boʻyni oʻstirib, soqolni bittadan sanab yuribdilarmi? Ie, basharaga sepilgan donlarni qushlarga oldirib qoʻyibdilar-ku, a?

U Asqaralining chalakoʻsaligi va choʻtirligiga shama qilgan edi. Asqarali uning yargʻoq boshiga ishora qilib yana bir gap aytdi. Shu zaylda payrov boshlandi. Askiyaga boshqalar ham qoʻshildi. Atrofda ayollar boʻlmagani uchun istagan oʻxshatishlarini keltirib, baralla xaxolab kulishardi. Joʻravoyning soʻzlari askiyaga nisbatan tentaknamo gapligini Dilmurod sezdi. U kishining laqmaligini yaxshi bilgan askiyachilar soʻz toshlarini faqat shu tomonga otardilar. Joʻravoy javob berishga ulgurmasdi. Payrovning siyqasi chiqib, fayz keta boshlagach, Asqarali gapni boshqa tomonga burdi:
— Joʻravoy uka!
— Labbay!
— Manavi yigit bizdi mehmon boʻladi. «Joʻravoy akangiz Frunzeni koʻrganlar», desam ishonmayapti.
— Nimaga, chirogʻim, nimaga ishonmayapsiz, yo bizni odam sanamaysizmi?

Dilmurod nima deyishini bilmay xijolatda qoldi.
— Oʻz ogʻzingiz bilan aytib bering-a, omma ishonadigan qilib ayting, — dedi Asqarali.
— E, aytganim boʻlsin. Mehmon, ishonmaganingiz chakki. Tepamda Xudo bor. Shu Asqarali togʻamning katta oʻgʻillari bilan qizil askarlarga qoʻshilib ketganman. Togʻamning oʻgʻillarini bilmayman, omma men Frunzening otryadida ishladim.
— Oʻzini koʻrganingizni ayting.
— Koʻrganman, chirogʻim, shu deng, bir kuni pistirmada Xudo deb yotsam, kelib qoldi. «Ha, Joʻravoy aka», dedi. «Yuribmiz soyangizda, chirogʻim», dedim. Shu payt tovning orqasida qasir-qusir boshlansa, deng... «Joʻravoy, aka, qarang-chi, nima ekan», dedi oʻrtoq Frunze. «Xoʻp, akasi qaragʻay», deb chiqib qarasam, bulutday boʻlib bosmachi kelyapti.
— Uchib kelyaptimi?
— E, dayusning togʻasi, otliqning uchganini qayda koʻrgansiz? Yurib kelyapti. Orqamga qaytib: «Bosmachi kelyapti», dedim. «Endi Joʻravoy aka, umid sizdan», dedi. Yoʻq, deymanmi? Katta xoʻjayin boʻlsa. Pulimotdi orqalab chiqdim. Shartta qoʻydim. «E, malades, Joʻravoy, turgan-bitganing meravoy», deb ketdi.
— Pulemyotda otdingizmi, yo tayoqda pachoqladingizmi?
— Shuncha yil yurib bir martagina koʻrdingizmi?
— E, koʻp koʻrdim, qay birini eslay. Frunze degani ham koʻp ekan, toʻrttasini koʻrdim-ov...

Joʻraboy soddadilligi bilan yana askiyachilarga nishon boʻldi. Gap orasida Asqarali Dilmurodga: «Aslida Frunzeni koʻrmagan. Miltiq ham ushlamagan. Qizil kaltakchilarga bir qoʻshilib qolgan», deb izoh berdi.

Qosh qoraygach, Asqarali oʻninchi chiroqni yoqib, shiftga osigʻliq simga ilib qoʻydi. Dilmurod biri olib, biri qoʻyib askiya qilayotgan kishilarga havas bilan boqar, oʻtkir askiya boʻlganda qotib-qotib kulardi. U shaharda yurib, ilmiy ishga koʻmilib rasmana kulishni ham unutayozgan edi. Uning oshnalari kitobu ilmiy xodimlardan iborat boʻlib qolgandi. Koʻpdan beri bunday yozilib oʻtirganini eslolmaydi. Ba’zan nozik odamlar doirasida oʻtirasan, ba’zan miriqib kulishga arzirli gap boʻlmaydi. Bunaqada erkak kishi ham piqirlab kulishga oʻrganib qolarkan. Dunyoda erkak kishining piqirlashidan xunuk narsa boʻlmasa kerak. Mana bu odamlar kun boʻyi dalada ishlashgan. Endi gʻam-tashvishdan xoli, yayrab oʻtirishibdi. Gaplari begʻaraz, mulozamatlari samimiy, yuraklarida kir yoʻq. Ichiqora odamgagina ularning mulozamatlari soxta tuyulishi mumkin. Vodiy qanchalik keng va goʻzal boʻlsa, ularning bagʻri ham shunday. Oʻlkaning tabiati koʻp hollarda odamlarning fe’l-atvorini belgilaydi.

Dilmurod samovarxonadan yengil tortib qaytayotganda hamma narsani unutib, miriqib xordiq chiqarganini Rhaq-Mirzavoyga aytdi.
— Shuning oʻzi eng yaxshi muolaja, — dedi u. — Agar har bir asabbuzarlikdan soʻng shunday dam olsangiz hech qachon kasal boʻlmaysiz. Ijobiy va salbiy ruhiy toʻlqin darajasini faqat shu yoʻl bilan tenglashtirish mumkin, — dedi u.
— Demak, hozirgi davrada ijobiy toʻlqin uygʻondimi?
— Albatta, ijobiy-da! Yayrab dam olish tarang tortilgan asab tomirlarini boʻshashtiradi. Tartibsiz ishda, odamlar bilan muomalada yuzaga keladigan salbiy toʻlqin me’yoridan osha borsa, odam asab kasaliga yoʻliqadi. U davom etib yo yurakni ishdan chiqaradi, yo ruhni shikastlantiradi. Agar har bir odamda ruhiy kasallikka moyillik borligi hisobga olinsa, oqibat oydinlashadi. Antagonistik rivojlanishning yigʻindisi, albatta kasallik bilan tugaydi. Afsuski, ruhiy toʻlqinlar fiziologiyasi meditsina nazaridan chetda qolyapti. Hatto fiziologiya, patafiziologiya qoʻllanmalarida ham ruhiy toʻlqinlarning insonga ta’siri toʻgʻrisida lom-mim deyilmaydi. Minglab mediklar ruhiy toʻlqinlarning nevrogen kasalliklarni keltirib chiqarishini bilmagan holda hayotga yoʻllanma oladilar. Hatto ruhiy toʻlqinni boshqarishni, tarbiyalashni oʻrgatish ham muhim ijtimoiy muammo. Bu borada koʻp qoʻllanmalar kerak.
— Gapingizga qaraganda, hayotda salbiy toʻlqinning oʻchogʻi moʻlday koʻrinadi. Odam dam olishga kamroq vaqt ajratadiganga oʻxshaydi.
— Yoʻq, unchalik emas. Odam hatto bajarayotgan ishidan ham ijobiy toʻlqin olishi mumkin. Axir, bir maqsad yoʻlidagi ish mashaqqat emas, lazzat keltiradi-ku! Siz davolagan odamlaringizni koʻrib quvonmaysizmi? Faqat maqsadsiz ishgina odamning boshini tashvishdan chiqarmaydi.
— Gaplaringizda qarama-qarshilik bor.
— Nimaga?
— Agar gʻam-tashvish salbiy ruhiy toʻlqinni uygʻotsa, urush yillarida kasal koʻpayardi.
— Siz bir narsaga e’tibor qiling-da: ogʻir yillarda odamlarda asosiy ruhiy kasallik koʻpayadi. Boshqa xastaliklar esa keskin kamayadi. Urush yillari odamlarda ogʻir kasalliklarga qarshi oʻz-oʻzidan immunitet hosil boʻladi. A’zoyi-badanda kasallikka nisbatan qarshilik uygʻonadi. Yashash sharoiti yaxshilangani sayin bu qarshilik susayib boradi. Avval e’tibor qilinmagan oddiy shamollash maxsus muolajaga muhtoj boʻlib qoladi.
— Demak, bizdan keyingi doʻxtirlarning ahvoliga voy!
— Juda tushkunlikka tushib ketdingiz-ku?
— Men uzoqqa qarayapman. Sizning gapingiz men uchun yangilik emas. Koʻchma gospitalda bir keksa doʻxtirimiz bor edi. Ichi gʻij-gʻij hikmatu bilim. Odamlardagi ruhiy oʻzgarishni dastlab oʻshandan eshitgandim. Titilib ketgan yerga rahmi kelardi. Choʻrt uzib tashlangan daraxtlarga qarab achinardi.
— Urushda odamlar ham, tabiat ham ozor chekadi. Ammo tabiatning ozorini hech kim hisobga olmaydi.
— Odamlar oʻzlari uchun eng zarur boʻlgan narsalarni yanchib tashlayveradilar.
— Insonga tabiat tomonidan dahshat soluvchi kasalliklarni yengish mumkin, lekin uning oʻzi yuzaga keltiradigan xastalik bilan kurashish qiyin. Daraxtzorlarni payhon qilish, havoni, yer-suvni zaharlash, shaharlarning kattalashuvi, shovqin, jismoniy harakatning kamayishi bizga hali koʻp ish orttiradi. Koʻmir oʻsimliklardan, neft jonivorlardan paydo boʻlgan, deyishadi. Biz hammasini yer qa’ridan olib yoqib yotibmiz. Neft ham, koʻmir ham gʻuborga aylanib, ustimizga yogʻilyapti. Hali toza havodan nafas olish muammosi ham chiqmasa edi.
— Texnika taraqqiyotiga qaraganda, bu muammo yaqin yillarda koʻndalang boʻladi.
— Ha... bu ahvolda meditsinaga noma’lum boʻlgan turli kasalliklar qaynab chiqaveradi. Birorta kasallikning ruhiy buzilishsiz kechmasligini hisobga olsak, bizga ham ish yetib-ortadi. Toʻgʻri, bu buzilishlarning bir qismi asosiy kasalliklarga va u keltirib chiqargan toksikozga, bir qismi esa shaxsning shu kasallikka koʻrsatadigan qarshiligiga bogʻliq.

Dilmurodning yonib bahsga berilganini koʻrgan Rhaq avvaliga suhbatni yakunlamoqchi boʻldi. Keyin uning fikrlarini oʻz ogʻzidan eshitish uchun, gapni davom ettirdi:
— Har bir odamda kasallikka moyillik turlicha boʻladi, — dedi u. — Bu uning chiniqishiga bogʻliq. Agar odamlar yoshlikdan chiniqib borsalar, bizning tashvishlarimiz oʻrinsiz boʻlib qoladi.
— Mirzavoy aka, gap faqat chiniqishda emas, atrof-muhitga ham bogʻliq. Muhitdan ta’sirlanish natijasida paydo boʻlgan har bir ruhiy toʻlqin, hayajon, qaygʻu boshqa a’zolarga ham ta’sir koʻrsatadi. Natijada qonga ayrim kimyoviy moddalar qoʻshilishi mumkin. Ularning ayrimlari, odamga qarab gormon boʻladi. Tabiatga qoʻpol ravishda aralashish natijasida paydo boʻlgan kasalliklarni farmatsevtika zavodlarida ishlangan dorilar bilan tuzatib boʻlmaydi. Faqat kasallikning rivojlanishini ozgina cheklash mumkin.
— Gapingiz qiziq boʻldi-ku? Dori kor qilmasa, duo oʻqib davolaymizmi?
— Davoni tabiatdan izlash kerak. Shaharliklar bilan mana shu qishloqda yashaydiganlarning oʻrtacha yoshini solishtirib koʻring-a? Kim ustun? Albatta, qishloqdagilar. Bu oddiy haqiqat-ku! Toza havo, toza suv, vaqtida sut-qatiq, jismoniy harakat... Ular uzoq umrning eng muhim omillariga ega. Faqat bulardan oqillik bilan foydalanishni oʻrganish kerak. Shaharlar kattalashadi, dedim. Kattalashadi emas, kattalashyapti. Zamon tinmay harakatda. Odam kechagidan bugun koʻproq axborot qabul qilib miyaga yuk ortyapti. Bu yukni koʻtarish uchun miyada bor-yoʻgʻi oʻn toʻrt milliard asab hujayrasi bor. Holbuki, u qabul qilayotgan axborotlar soniga, taraqqiyotiga mos ravishda oshib bormaydi. Oʻn toʻrt milliardligicha turaveradi. Shaharliklar tez-tez kasblarini oʻzgartirishga majbur boʻla boshlaydilar. Taraqqiyot shuni talab qiladi. Bularning barchasi umrning egovi.
— Kasbni oʻzgartirish masalasi qishloqda ham bor. Mana, Zokirxoʻja, ilgari tuppa-tuzuk juvozkash ekan. Endi moshin haydaydi. Inson yashashning odatdan tashqari tartiblariga koʻnikma hosil qilib boradi. Vahimaga ham usta ekansiz. Gaplaringizni odamlar eshitsa, ertadanoq tarkidunyo qilishadi.
— Yoʻq, Mirzavoy aka, munday oʻylab koʻring-a...
— Boʻpti, oʻylab koʻramiz, erta boʻlsin-chi... — Rhaq-Mirzavoy shunday deb Dilmurodning yelkasiga qoʻl tashladi. Ular Asqaralining koʻchasiga yetgach, xayrlashishdi.

Qishloq tun ogʻushida, koʻp uylardagi chiroqlar oʻchgan. Itlar betoʻxtov huradi. Qaerdadir betayin xoʻroz qichqiradi. Onasidan ayirib bogʻlab qoʻyilgan buzoq moʻ’rab qoʻyadi.

Dilmurod chiroqning piligini sal pastlatib yotdi. Uyqusi kelmadi. Tongga yaqin koʻzi ilindiyu boshi loʻqillagan, lanj bir ahvolda oʻrnidan turdi. Bir oʻzini tashlab ketgani uchun xotinidan ranjib qoʻydi. Turaymi-turmaymi deb yotganida yana koʻzi ilinibdi. Tashqarida chelak taraqlab, choʻchib uygʻondi. Bu safar irgʻib oʻrnidan turdi. Qarasa, kun yoyilibdi.

Erinibgina hovliga chiqib, soy tomonga yurdi. Suvning shabadasi bagʻriga urilib entikdi. Atrofga qarab, xotin-xalaj yoʻqligiga ishonch hosil qilgach, shimini yechib suvga tushdi. Seskana-seskana yuvindi. Oxiri sovuqqa chiday olmay, hakkalab qirgʻoqqa chiqdi-da, diydiragancha artina boshladi. Darrov iziga qaytmay, xarsang tepasida oʻtirdi. Oftob nuri badaniga xush yoqdi. Kechagi suhbat xayoliga keldi.

«Texnikumda oʻqiganman, koʻp narsani bilmayman, deb talmovsirab turardi. Baloga aqli yetar ekan-ku?—deb oʻyladi u. — Institutni bitirganlar ham bunchalik fikrlamaydi. Hadeb unga ma’ruza oʻqib, aql oʻrgatavermasligim kerak ekan. Yana meni ahmoqqa chiqarib yurmasin. Oʻzi shu bema’ni odatimni tashlashim kerak. Bilgan narsam ichimda tek turmay, qaynayveradi. Shuning uchun ham domlamdan koʻp dakki eshitardim... Endi esa dakki beradigan odam yoʻq. Mirzavoy aka indamay quloq solaveradi. Kechagi suhbatda domlam boʻlganlarida, ta’zirimni berardilar...»

Uning koʻz oʻngiga qaddi sal bukik, tepakal, moʻylovlari ham bir tekis oqargan, nigohi sergak professor Razzoqov keldi. Domlasini olib ketishmasdan bir kun oldin ham ustoz-shogird tortishishgandi. Oʻsha kuni gap davolash usullari haqida borgan edi... Uyda ham oila tashvishlarini oʻylamaydigan qaynota-kuyovning bu odatiga koʻnikib qolgan Aqida qizini olib qoʻshni hovliga chiqib ketdi.
— Qadimgi odamlar «Ponani pona bilan chiqaradilar», deyishgan ekan. Biz ham kasallikka qarshi kurashda kimyoviy dorilardan voz kechishimiz kerak,— dedi Dilmurod joʻshib. — Men bir xil kasallikka davo beruvchi kimyoviy dorining albatta ikkinchi xil xastalik tugʻdirishiga aminman. Balki yangi tugʻilgan xastalik biz uchun xavfliroq boʻlar. Men davoni tabiatning oʻzidan qidirish tarafdoriman.
— Men qarshilik bildirmadim shekilli? — dedi professor kulimsirab. — Siz aytayotgan faraz ming yillar ilgari kun tartibiga qoʻyilgan. «Kalila va Dimna» bilan tanish boʻlganingizda bu muammoni yangilik sifatida ilgari surmasdingiz.
— Faraz tugʻilgan boʻlishi mumkin. Lekin odamlar irim-sirimning quli boʻlib kelishyapti-ku?!
— Irim-sirimlarni qoralashingiz yaxshi. Bid’at hamisha zahar boʻlib kelgan. Ammo, xalqning urf-odat-lari oʻn yoki yuz yil ichida emas, ming yillar davomida shakllangan. Bizga yoqinqiramayotgan irim-sirimlarni bir hamlada yoʻqotish qiyin. Esini taniganidan beri Xudoning nomi qulogʻiga quyilgan odamni koinot boʻylab aylantirib chiqing-da, keyin: «Mana, hech qaerda Xudo yoʻq», deb koʻring-chi, ishonarmikan. Oshdan kurmak chiqsa, tovoqni irgʻitmaysiz, shundaymi? Irim-sirimlarni butunlay inkor etmasdan, oʻrganish kerak. Hozir oʻzingiz, davoni tabiatdan izlash kerak, dedingiz. Unda togʻlardan giyoh terib dori tayyorlovchi tabiblarni inkor etishingiz nimasi? Ularning bid’atga mutlaqo aloqasi yoʻq. «Xalq tabobati» degan iborani toʻgʻri ma’noda qabul qilish vaqti yetdi. Axir ilgari kasalga chalingan odam oʻlib ketavermagan-ku. Xalq tabobatida ar-Roziy, ibn Sino singari buyuk allomalarning ta’limotlari yashiringan. Yo «namoz oʻqigan» deb ulardan ham yuz oʻgirasizmi?
— Men ularni qoralaganim yoʻq. Chala mullalarni nazarda tutdim.
— Hatto ularni ham oʻrganish kerak. Men ruhiy kasallarni davolaydigan eshonlarni oqlamayman. Bichib qoʻyadigan, zanjirband bemorlarni kaltaklab, qoʻrqitadiganlarni yovuz maxluq deb bilaman. Lekin azayimxonlarning odam ruhiga ta’sir etish san’atini nazardan qochirmaslik kerak.
— Fikringiz toʻgʻriga oʻxshasa ham, qoʻshila olmayman. Moshdek foyda izidan keluvchi olmadek zararga befarq qarab boʻlmaydi. Dadangiz oʻtkir tabib oʻtgan ekanlar. Shuning uchun ham siz tabobatni yoqlayapsiz. Zamon meditsinasi xalq tabobatidan ancha ustun turadi. Ularga murojaat qilishning hojati yoʻq!

Professor kuyovining keyingi gaplaridan ranjib, suhbatni bas qilgan edi. Yarim kechada esa...

Dilmurod ustozining dono suhbatlarini qoʻmsadi. Koʻngli vayron boʻlib uyga qaytdi. Asqaralining kelini yeng shimarib tappi yopardi. Dilmurodni koʻrib bir oz ishdan toʻxtadi-da: «Xontaxtaga dasturxon tuzab qoʻydim», dedi. Dilmurodning nonushta qilgisi yoʻq edi. Bu gapdan keyin noiloj ayvonga oʻtdi. Har safar mazali tuyulgan qaymoq ham tomogʻidan oʻtmadi. Bir piyola choyni ichib, koʻchaga chiqib ketdi.

Koʻchalarga ilingan tamaki barglarining shodalari kamayib qolibdi. Guzarga boraverishdagi kolxoz saroyiga xotin-xalaj yigʻilgan. Ular quriyozgan barglarni hafsala bilan taxlashadi. Mayda bolalar ham shu yerda. Qishloqning keksayib qolgan temirchisi saroy yonidagi ustaxonasini yana ochmabdi. Tobi qochib qolgandir. Bir oʻziga qiyin. Shogirdi oʻqiyman, deb shaharga ketibdi. Oʻgʻli esa tamaki bilan band.

Ikki kishi ustaxona oldidagi soʻrichada gurunglashib oʻtiribdi. Terakka bogʻlangan otlar shularniki boʻlsa kerak. Ular Dilmurodni koʻrib oʻrinlaridan turishdi-da, quyuq soʻrashishdi. Karimberdini tuzatganidan beri Dilmurodning obroʻyi oshib ketdi. «Professor ekan», degan gapdan oʻsha kuniyoq barcha xabar topgan edi. Endi uni «yangi doʻxtir» emas «propesur doʻxtir» deb atasha boshlashgan edi. Dilmurod bundan xijolat boʻlayotganini aytganida Asqarali: «Qoʻyavering, odamlar doʻxtirlarga ham ixlos qoʻyishga oʻrganishsin. Erta-indin professor boʻlsangiz, xijolatingiz unutiladi», deb qoʻya qoldi.
— Mirzavoy akam ichkaridamilar? — deb soʻradi Dilmurod Asqaralidan, soʻriga omonat oʻtirib.
— Saharmardonda dorivor koʻkat terib kelaman, deb toqqa chiqib ketdilar. Sizni Mirsodiqjon kutib oʻtirib edilar. Hozirginada izlariga qaytardim. Kichiklari ogʻrib qolibdi.
— Nima boʻlibdi?
— Qaydam, emganini tashlayverib, koʻkarib ketganmish.
— Onasi tamakiga chiqqan ekanmi?
— Mamarayim chiqmaganiga qoʻyadimi?
— Mamarayimingizga odam emas, tamaki kerak. Emizikli xotinlarga tegmang, devdim-ku. U xotin ham bargni koʻkragiga qoʻyib taxlaganga oʻxshay- di. Bargning zahari sutga oʻtgan. Keyin bolasini zaharlagan. Tushuntirgan bilan quloqqa olishmay-di-ya! — Dilmurod shunday deb qoʻl siltadi-da, oʻrnidan turib ketdi.
— Kuyunavermang, inim, esi kirib qolar, — dedi Asqarali, uning bu harakatiga tushunmay.

Dilmurod pastga tushdi-da, qishloqning kunbotar tomoniga qarab ketdi. U ketdi-yu, guzarda qopchigʻini orqalagan Rhaq-Mirzavoy koʻrindi. Asqarali bilan omonlashib, shifoxonaga oʻtdi.

Shifoxona oldi supurilib, suv sepilibdi. «Shopoʻlat akamiz kelibdilar, yaxshi», deb oʻyladi u. Ammo ostonadan hatlay turib uch-toʻrt qizaloqning davrasida oʻtirgan Saboxonga koʻzi tushdiyu toʻxtadi. Saboxon chanqovuz chalar, qizaloqlar undan taralayotgan ajib kuy sehrigami yoki ijrochining mahoratigami mahliyo boʻlib qolgandilar. Rhaq ularga xalal bermaslik uchun, toʻgʻrirogʻi, chanqovuzni eshitish maqsadida toʻxtab, oʻzini panaga oldi.

Kuy tindi. Saboxonning ovozi chiqdi:
— Endi kim chaladi?
— Siz.
— Ie, hadeb men chalaveramanmi? Boʻpti, kim chalishini hozir aniqlaymiz: Hakalakam, dukalakam,
Chovli chambar,
Ola koʻzi qagʻda?
Bagʻda.
Lola,
Kaptar,
Guldur gup.
Olama-qurama,
Oftobda yurma,
San kir,
San chiq.
Mana, Sojidaxonning gallari ekan.

Sochlariga pilik taqqan qiz chanqovuzni oldi. Endi kuy emas, yopishmagan tovushlar chiqa boshladi. Rhaq soʻri tomonga yurdi. Saboxon uni koʻrib oʻrnidan turdi. Qizaloqlar salom berib, sekin chiqib ketdilar.
— Chanqovuzni yaxshi chalar ekansiz, — dedi Rhaq-Mirzavoy uning salomiga alik olib.
— Voy, eshitdingizmi? — Saboxon chinakamiga uyalib ketdi.
— Ha, sal-pal, Shopoʻlat akam qanilar? — dedi Rhaq uning koʻziga tik qaray olmay.
— Kelmadilar. — Saboxon ham undan koʻzini olib qochdi. Rhaq Saboxon bilan bir necha marta yolgʻiz qoldi. Har safar juvonga iliq gap aytgisi keladi, ammo oʻzi bilmagan holda, soʻzini yoʻqotadi. Sal dovdirasa ham juvondagi oʻzgarishni sezadi. Sezadi-yu, yuragi gʻalati oʻrtanib ketadi...
— Koʻchaga suv sepilganiga, kelibdilarmi, debman.— Rhaq shunday deb, ichkariga kirdi. Xonaga qamalib qolgan dim havo dimogʻiga urildi. Borib derazani ochmoqchi edi, qanotlarini yoygancha pardaga yopishib turgan qushchaga koʻzi tushdi. Tikilib qaradi. Bu nima? Qaldirgʻochmi? Yoʻq-e, bunaqa kichkina boʻlmasdi, dumi ham... rangi qoʻngʻirmi.. Koʻrshapalakmi? Ha, koʻrshapalak. Qorongʻida kirib olganu kun yorishib ucholmay qolgan.

Qushchaning bunday osilib turishi Rhaqqa ajoyib tuyuldi. Saboxonga koʻrsatish uchun uni chaqirdi.
— Voy, qaldirgʻoch! — dedi Saboxon uni darrov qoʻliga olib. — Hali koʻrmabman. Qaerdan kirib qoldiykin? Chiqolmay toza qiynalibdi bechora.
— Qaldirgʻochmi?
— Ha-da, mana, qanotini qarang.
— Men koʻrshapalakmikin, debman.
— Voy, xudoyim, — Saboxon kuldi, — siz tomonlarda hech qaldirgʻoch yoʻqmidi?

Saboxon qushchani avaylab ushlagancha chiqib ketdi. Rhaq oq xalatni oldiyu kiygisi kelmay divanga oʻtirdi. Saboxonning gaplari suyak-suyagidan oʻtib ketdi: «Siz tomonlarda qaldirgʻoch yoʻqmidi?..» Juvonga nima desin? Yoʻq edi, shuning uchun ham qushlarni farqlay olmayman, desinmi? Tangda-ku, qush zoti yoʻq edi. Axir, Yerga avval kelganda qaldirgʻochni koʻrgan edi-ku! Nahot unutdi? Nahot endi Yerda ham atrofdagi narsalarga befarq qaraydigan boʻlib boryapti?..

Buxoroda, Naziraning ayvonida, shundaygina toqiga yopishtirib qaldirgʻoch uya solgan edi. Ogʻizlarini katta-katta ochib chiyillaydigan polaponlarga onasi yemish tashirdi. Kun boʻyi tashisa ham bolalari toʻymasdi. Rhaq qaldirgʻochlarning osmonda charx urib uchishlarini tomosha qilishni yaxshi koʻrardi. Koʻm-koʻk osmon, cheki-chegarasi yoʻq kenglik. Qaldirgʻochning erkin uchishi... Uning qalbi ham kengliklarga intilardi. Biroq... taqdir taqozosi bilan unga gavjum shaharda yashash nasib etdi. Qaldirgʻochning begʻubor osmonda uchishini koʻrmaganiga, aniqrogʻi, koʻra turib avvalgiday e’tibor bermaganiga qancha boʻldi?

Rhaq oʻrnidan turib, deraza oldiga keldi. Saboxon koʻrinmaydi. Nima qilyapti ekan? Rhaq shu xayol bilan tashqariga chiqdi. Saboxon koʻcha tomondan kirib keldi.
— Qaldirgʻoch qani? — deb soʻradi Rhaq.
— Uchib ketdi.
— Uchib ketdi?
— Ha, — Saboxon Rhaq-Mirzavoydagi bu oʻzgarishni sezib hayron boʻldi. «Yo qaldirgʻoch kerakmidiykin?» deb choʻchidi ham.
— Uchib ketgani yaxshi boʻlibdi... — Rhaq shunday dedi-yu, ammo qaldirgʻochning uchib ketganiga yurakdan achindi. Goʻyo qushcha uning qalbidan nimanidir olib ketgan edi. Rhaq bir narsasini yoʻqotgan odamday garang boʻldi. Osmonga qaradi. Ikki qaldirgʻoch uchib yuribdi. Shuning bittasi hozir ozodlikka chiqqan qaldirgʻochmikin? Bir necha soatlik tutqunlikdan soʻng erkning qadriga yetib, shodon charx uryaptimi? Rhaq dastlab uni koʻrganda jonsiz deb oʻylagandi. Juvonning issiq kaftida yangidan jon kirdimikan...

Saboxon... Yoshi oʻttiz beshlarga borib qolgan boʻlsa ham, latofatini yoʻqotmagan. Unga ba’zan oʻgʻrincha qaraganida Rhaqning yuragi gʻalati boʻlib ketadi. Nimagaligini aniq bilmaydi. Hozir ham shunday boʻldi.
— Yuring, oʻtiraylik, qiladigan ish ham yoʻq, — dedi Rhaq, soʻri tomon boshlab. Saboxon undan sal chetroqqa oʻtirdi.
— Qishlogʻingiz kichkina ekan, — dedi Rhaq gapni nimadan boshlashini bilmay.
— Zerikib qolyapsizmi?

Rhaq bu savolning qay maqsadda berilganini anglamadi.
— Zerika boshladim.
— Oilangizni olib keling edi-da.
— Boʻlganda olib kelardim.
— Soʻqqaboshmisiz, hali?

«Quvlik qilishini qarang-a, — deb oʻyladi Rhaq,— hammasini biladi, atayin gap qoʻshmoqchi».
— Soʻqqaboshman. Uylanishga vaqt boʻlmadi.
— Ol-a... — Saboxon piq etib kuldi.
— Oʻzingiz-chi? Oʻzingiz nimaga turmush qurmaysiz?

Saboxon unga yalt etib qaradi. Quyuq kipriklari titrab ketdi. Erkak kishidan, yana boʻydoq odamdan bunday savol kutmagani uchun dovdirab qoldi. Oʻrnidan turib ketmoqchi boʻldi, ammo oʻzini tutdi. Sezilar-sezilmas xoʻrsindi.
— Erim boʻlmagani bilan boshim ochiq emas, — dedi pichirlab.

Boshqa soʻz aytmadi. Yuzini burgan holda, ariqdagi suv yuzini silab turgan atirgulning siniq shoxiga koʻz tikib oʻtiraverdi. U shu topda boshidan oʻtgan savdolarni istarasi issiq bu «soʻqqabosh» odamga aytib bergisi kelar, lekin hayosi yoʻl qoʻymas edi. Rhaq esa uning xayolidan oʻtgan gaplarni «oʻgʻirlab», u bilan fikran gaplasha boshlagan edi:

«Asqarali togʻaning oʻgʻillariga koʻnglim bor edi. Peshonam shoʻr ekan, boshqa kishini er qildim. Men uni azaldan yomon koʻrardim. Yoʻq, oʻzi yomon odam emasdi, faqat sal toʻpori, koʻrinishi sovuqroq edi. Tegishga tegdimu u bilan yashab ketishga koʻnglim chopmadi. Yostigʻimiz boshqa-boshqa edi. Men ayvonda, u achchiq qilib uyga kirib ketardi. Bir kuni yonimga akasi kirib olibdi... Xoʻja piyon deyishardi. Esipastroq odam edi. Ustiga-ustak, betinim aroq ichardi. Oʻsha kechasi oʻzini osib qoʻydi. Yonimga kelgani bilan menga tegolmadi. Irgʻib turib ketdim. Uydan erim chiqdi. Akasining yigirmasi oʻtgandan keyin erim gʻoyib boʻldi. Uzunquloq gaplarga qaraganda shaharda emish. Men qaynonam bilan yashab yuribman. Unga ham qiyin, bir oʻgʻli oʻldi, biri bedarak... Taqdirimga qaynonaning qosh-qovogʻiga qarab oʻtish yozilgan ekan shekilli...»

«Eringizni hech kim qidirmadimi?»

«Qidirishdi... Soyga xas tashlab izlab koʻring-chi, topa olarmikansiz...»

Saboxon Rhaqning tikilib oʻtirganini sezib yana yalt etib qaradi. Rhaqning xayolidagi suhbat uzildi. Juvonni noqulay ahvoldan qutqarish uchun oʻrnidan turdi. Ichkariga kiray deb turganida ostonada yuz-koʻzini chang bosgan Dilmurod koʻrindi.
— Saboxon, yaxnadan bormi? —dedi u soʻriga hor-gʻin oʻtirib. Keyin doʻppisini olib yoniga qoʻydi. Roʻmolcha chiqarib boʻynidagi terni artdi. Roʻmolcha qop-qora kir boʻldi. — Obbo, toza boplanibman-ku, bir yuvinib olmasam boʻlmaydi. — U shunday deb, hovli oʻrtasidan oʻtgan ariqqa keldi-da, koʻylagini yechib yuvina boshladi. Rhaq ichkaridan sochiq olib chiqdi.
— Suv yaxshi narsa-da, butun charchoqni oladi-qoʻyadi,— dedi u artina turib.
— Mana yaxna, — Saboxon shunday deb choynakni soʻriga qoʻydi.
— Juda hayallab ketdingiz, tinchlikmi? Bolaga nima qilibdi? — deb soʻradi Rhaq.
— Zaharlanibdi. Uch oylik goʻdakni koʻtarib tamakiga olib chiqibdi. Rayonga olib bordim. Bolani Xudo qaytarib berdimi yo vaqtida yetib bordik-mi, bilmayman. Rais mashina bermasa ahvol chatoq edi. Rayonga borganimizda bola koʻkarib ketgan edi. Yoʻq, endi picha tuzuk. Oʻzingiz qalaysiz? Ha, aytmoqchi, rayonda ilon ovlovchilar bilan koʻrishib qoldim. Ilonning zaharini toʻplashar ekan. Boquvdagi ilondan ozodlikda yurganlari koʻproq zahar berarkan. Bunga nima deysiz?
— Nima derdim, toʻgʻri.
— Demak, farazim isbotlandi. Esingizdami, klinikadagi bemor bilan erkin yuruvchi Shopoʻlat akamizni taqqoslagan edim. Demak, toʻgʻri yoʻldan boryapmiz... Bugun ham hech kim kelmabdi shekilli? Rayondagilar kasallaring yoʻq, bitta odam ishlasa ham boʻladi, deyishyapti. Boshim qotib qoldi. Ikkovimizdan bittamiz rayonda ishlaymiz shekilli...
— Aniq gapmi?
— Unchalik aniq emas. Hujjatlaringiz topilguncha indashmaydi. Qani, yuring, bir choy ichaylik. Keyin Shopoʻlat akadan xabar olarman.

Dilmurodning rejasi boʻyicha TET ning ikkinchi sinovi shu kunga belgilangan edi. Shuning uchun Rhaq choy ichib boʻlgach, mozorboshiga bordi. Devonaga yaxshi gapirib, uni pastga boshlab tushdi. Devona hovliga suv sepayotganda Dilmurod ham kirib keldi. Devona uni koʻrdiyu ishdan toʻxtab, ogʻzini sal ochib Mirzavoyga savol nazari bilan qaradi. Rhaq unga jilmayib qoʻydi. Shunda Devona ularning har ikkovini hayratga solib ichkari kirdi-da, charm qoplangan taxta soʻriga yotib oldi. Dilmurod simlarni ehtiyotlik bilan uning ensasiga qoʻydi. Devona shunda ham qimir etmadi. Faqat impuls yuborilganda sal titradi-yu, tinchidi. Bu safar hushini yoʻqotmadi. Ammo shiftga baqraygancha qimir etmay yotaverdi. Rhaq ham, Dilmurod ham bir chetda uni kuzatib turaverdilar. Devona «Qani Shopoʻlat aka, turing endi», deyilgandan keyingina oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Dilmurod Devonadan xabardor boʻlib turishni Rhaqdan iltimos qildi-da, qogʻoz-qalam olib yozishga tutindi.

Devona bu safar mozorboshiga qarab yurmay, samovarxonaga kirdi. Eski odati boʻyicha bir burchakda biqinib oʻtirdi. Devonaning boshqalarga xalal bermaslik uchun doim shu yerdan joy olishini Rhaq yaxshi bilardi. Asqarali uning oldiga bir choynak choy, non, qand-qurs keltirib qoʻydi. Devona quvonib, unga qarab tirjaydi. Rhaq esa soʻriga yonboshlagancha uning shoshib non chaynashini, boʻynini choʻzib yutinishini kuzatdi. Shu asnoda Devonaning xotirasida bugun uygʻongan voqealarni koʻz oldiga keltirdi.

Chimildiqda Jon Bergan Kuyov

Mashhuraning dilida qancha dard yigʻilib qolganini yigʻisi oshkor etib qoʻydi. Ozib, xipchindek boʻlib qolgan qiz akasiga hasratini toʻkib sololmay, faqat yigʻlardi. Hatto akasining yelkasiga bosh qoʻyishga ham hayosi yoʻl bermasdi.

Bir muchal oshib oʻtilgach, qizlardagi iffatning uygʻonishi, ancha hurkak boʻlib qolishlarini Sabohiddin bilardi. Shuning uchun ham singlisiga faqat yelkasini tutish bilan cheklandi.
— Sizni hech kim ranjitmadimi? — deb soʻradi Sabohiddin Mashhura ovungach.
— Yoʻq, — dedi qiz siniq ovozda.
— Tashqariga chiqyapsizmi?
— Qoʻrqyapman...
— Ovqat-oziqni kim keltiradi? Ayollardan bormi?
— Bor... tunov kuni haligi keldi...
— Haligingiz kim?
— Sojida... yangam...
— A? U bu yerda nima qilyapti?
— Oʻzingiz koʻrasiz, — Mashhura ularning nima bilan mashgʻul ekanini aytishga uyaldi. Sabohiddin buni sezdi. Oʻrinsiz savol bergani uchun oʻzi ham oʻngʻaysizlandi.
— Kirib gaplashib turadimi?
— Ha.
— Nima deydi?
— Koʻp gapiradi. Meni akangiz achchiq ustida taloq qilganlar, keyin chiqqan gaplarning bari tuhmat, deydi. Baxtsiz ekanman, deb yigʻlaydi.
— Baxtsiz boʻlsa ham, baxtli boʻlsa ham Xudodan. Xudo gunohlari uchun axir bir kun jazo beradi.
— Shu koʻyda yurishining oʻzi xudo urgani emasmi?

Sabohiddin singlisiga qaradi. Faqat boʻyiga boʻy, husniga husn emas, aqliga ham aql qoʻshilibdi. Oq-qorani ajrata boshlabdi.

Sultonmurod oʻtov oldiga kelib bir yoʻtalib oldi-da, ichkari kirdi.
— Qoʻrboshi Shermuhammadnikiga ketibdi. Buguncha dam olsak ham boʻladi, — u shunday deb toʻrga chiqib oʻtirdi.
— Akam-chi, akam shu yerda ekanlarmi? — deb soʻradi Sabohiddin uning fotiha oʻqishini kutmay.

Sultonmurod Sabohiddinning savolini eshitmaganday fotiha oʻqigach, qizning hol-ahvolini soʻradi. Soʻng norozi qiyofada unga qaradi:
— Koʻpam besabr boʻlavermang. Jamoliddin sogʻ-omon. Teginmanglar, deb tayinlab keldim. Xotirjam boʻling.
— Axir akam oʻgʻirlik qilmaganlar. Xudo shohid.
— Bunga men ham ishonaman. Lekin akangizning moʻ’minlar oldida boʻlak ayblari ham bor. Qoʻrboshi siz bilan mening yuzimni qilib, akangizning aybidan oʻtsa, ajab emas, — u yana yuziga fotiha tortdi-da, oʻrnidan turdi. Keyin «Sizlar bafurja gaplashaveringlar, mening beklarga aytadurgan soʻzim bor», deb chiqib ketdi.

Kech kirib, osmonga yulduzlar sochildi. Togʻ oʻrkachlari qorayib koʻrindi. Otlar pishqiradi, kishnaydi. Toshlarga urilib oqayotgan suvning shovqini koʻtarilganday boʻladi. Bir necha yerda oʻt yoqildi. Eng katta gulxan yoʻgʻonligi ikki quloch keladigan chinor ostidagi oq oʻtov qarshisida alanga oldi. Bir zamon oʻsha tomonda kimdir xirqiroq ovozda qoʻshiq ayta boshladi. Doira gumburi, yigitlarning qiyqirigʻi unga joʻr boʻldi.

Qibladan koʻrsat yuzingni, Makkaday aylay tavob,

Sen labingdan boʻsa bersang, men qilay bagʻrim kabob.

Mashhura yuziga qizil yugurib, yerga qaradi. Qoʻshiq shu yerda uzilib, yigitlarning qiyqirigʻi doira ovozini ham bosib ketdi.
— Ana, chiqdi shekilli...
— Kim?
— Anovi-da, qarang.

Sabohiddin tashqariga chiqib, gulxan tomonga qaradi. Yigitlar oʻrinlaridan turib ketishgan, oʻrtada kimdir oʻynar, lekin uni tanib boʻlmas edi. Sabohiddin davra tomon yurdi. Yana qoʻshiq boshlandi. Olti kaptar yetti boʻlib qoʻndi terakka,
Qoʻshnimizning ikki qizi chiqdi elakka.
Doʻst, chiqdi elakka, yana chiqdi elakka,
Bodomqovoq, yupqa tomoq, dodimga yetsang-chi!
U yogʻingdan oʻtay, bu yogʻingdan oʻtay, koʻnglingni olay.
Toʻtiqushning bolasiday qoʻlingga qoʻnay.
Ha, qoʻlingga qoʻnay, doʻst, qoʻlingga qoʻnay!
Bodomqovoq, yupqa tomoq, dodimga yetsang-chi!
Oʻrtada ayolcha kiyinib, durracha bogʻlagan, gajak yasagan semiz bir yigit lorsillab oʻyinga tushardi. Sabohiddin uni koʻrib kulimsiradi. Singlisi shuni Sojida deb oʻylagan boʻlsa kerak. Yigit qosh qoqib, nozik qiliqlar qilib xotin bola-chaqasidan yiroqda yurgan erkaklarning xirsiga tegar, ular qarsak chalib «Doʻst!», «joningdan!» deb qiyqirishardi. Togʻda quyon otibman, iyagi yoʻq,
Jonon koʻylak kiyibdi, jiyagi yoʻq.
Jiyagi yoʻq joylaridan qoʻlim solsam,
Bilqillaydi qoʻsh anori, suyagi yoʻq,
Dod, suyagi yoʻq...
Qiyqiriq avjiga chiqdi. Hayajoni toshib ketgan yigitlarning ayrimlari oʻrtaga tushib «juvon» bilan oʻynay boshladilar. Ayrimlari «juvon»ni belidan ushlab, oʻziga tortgan mahalda, ba’zan esa «juvon»ning oʻzi kimgadir «karashma» qilib oʻtganda oh-dodlar ulanib ketardi.

Sabohiddin iziga qaytdi. Oʻtovga yaqinlashib, toʻxtadi. Atrofga alangladi. Hamma koʻngil ochish bilan band. Qoʻrboshidan marhamat kutmay akasini qochirib yuborishning ayni payti emasmikin? Qoʻrboshining Jamoliddinni afv etishi uning boʻyniga qoʻshimcha sirtmoq boʻlib tushmaydimi? Lekin akasi qaerda, uni qaerdan izlash kerak? Sabohiddin beixtiyor narida yonayotgan gulxanlar tomon yurdi. Qumgʻonda choy qaynatayotgan yigitga yaqinlashib salom berdi-da, kecha tutib olib kelingan odamning qaerda yotganini soʻradi.
— Oʻzlari kim boʻladilar taqsir? — deb soʻradi yigit unga ishonqiramay qarab.
— Sultonmurod akaning... oʻgʻillariman. Kechagina Buxorodan qaytdim.
— Ha, yangiligingiz bilinib turibdi. Hibsga olinganlarni, hali omon boʻlishsa, yertoʻladan topasiz. Qoʻrboshi bolshavoylarni koʻpam tutib turmaydilar.
— Yertoʻla qaerda?
— Oq oʻtovni koʻrdingizmi? Oʻshaning shundaygina poyida. Qoʻrboshi izn bermasa, avliyoni ham yoʻlatishmaydi u yerga. Borib ovora boʻlmay qoʻya qoling. Yoki bolshavoy yaqiningizmi?
— Nimaga bunday deyapsiz?
— Kuyunishingiz oshkor qilib qoʻyyapti-da.

Sabohiddin bu gapdan gangib, oq oʻtov sari yurdi. Ammo oʻtovga yetmayoq uni toʻxtatdilar...

Norxoʻja ertasiga oqshomda qaytdi. Uning kayfiyati buzuq, qovogʻi soliq edi. Sultonmurod Sabohiddinni oq oʻtovga boshladi. Norxoʻja toʻrda oʻtirardi. Sultonmurod Sabohiddinni tanishtirdi.
— Xush kelibsiz, mulla Sabohiddin. Buxoroi sharifdan yuborilgan nomani oldim. Qutlugʻ xabar yetkazibsiz.
— Mulla Sabohiddin xizmatingizga tayyorlar, — dedi imom ta’zim bilan.
— Qani, oʻtiring, xizmat qochmas.

Eshonning bu taklifi javobsiz qolib, Sultonmurod ham, Sabohiddin ham qoʻl qovushtirgancha turaverishdi.
— Yana nima gap? — dedi qoʻrboshi ular savol nazari bilan qarab.
— Uzrimiz bor.
— Keyin.
— Uzrimizni eshitmasangiz, yeganimiz ichimizga tushmaydi.
— Tezroq ayting boʻlmasa.
— Tunov kuni beklaringiz Sabohiddinning akalarini olib kelishibdi.
— Ha, Jamol oʻrismi? Bir kambagʻalning shoʻrini quritibdi-da, a?
— Asti unday emas, bu tuhmat. Biz Jamoldiddinning gunohini soʻramoqchimiz.
— Qoʻyib yuboring, deysizmi?
— Ha, taqsir. Jamoliddinni shayton yoʻldan ozdirgan. Chilla tutib uning gunohini Xudodan soʻrayman. Marhamatingizni ayamang.
— Qoʻyib yuboraymi? — deya qayta soʻradi qoʻrboshi Sabohiddinga tikilib. — Bugun qoʻlimdan chiqib ketsa, ertaga yana sheriklariga qoʻshiladi. Toʻpponchasidan uchgan oʻq naq peshonangizga sanchilsa ham chilla tutib oʻtirasizmi?
— Endi zinhor bu yoʻlga qaytmaydi. Soʻzimizni yerda qoldirmang.
— Iziga qaytmaydimi? Mulla Sabohiddin, sizdan soʻrayman: iziga qaytmaydimi?
— Xudo xohlasa...
— Qaytadi... — Norxoʻja keskin ohangda shunday deb oʻyga toldi. Keyin tizzasiga shapatiladi. — Mayli, toʻrt tomoni qibla, ketaversin. Chiqib ayting, saharda yoʻlga solib yuborishsin. Qani, endi oʻtiringlar, uzringiz qabul boʻldi. Ahmad dev, Mamat chirik qani? Yusuf qiziqni topib kelibdimi?
— Yoʻq, begim, Yusuf qiziqni Margʻilondan topolmabdi.
— Osmonga uchib ketibdimi?
— Xoliqberdi toʻranikida ekan.
— Shu yerda ham yoʻlimga gʻov boʻldimi? Bu margʻilonlikdan qutular kun bormi oʻzi?!
— Yana bir gap oʻtdimi?
— Siz uchun shunchaki bir gapdir, — dedi Norxoʻja unga qovoq uyib. — Men uchun musulmonlarning hayot-mamotini hal qiladigan gap. Tunovinda dashnoqi armanlar peshin namozi paytida masjidga bomba tashlashibdi. Dashnoqlarni bitta qoʻymay qirib tashlash oʻrniga, Xoliqberdi toʻra Frunze bilan ahd-paymon qilib, bizni bittadan tutib bermoqchi.
— Begim, qaerimizdan tutar ekan, aytmadimi? — bu qochiriqning ma’nosini tushungan qoʻrboshi kulib yubordi.
— Omma zap olding, yomon yeridan olding, Ahmad dev, balosan, omma yomon balosan-da! — dedi Norxoʻja chehrasini ochib. — U Sibirda yurganida oʻrislarga sotilgan-da! Qoʻqonda bir xotinchalishlik qildi, gʻazabimni ichimga yutdim. Endi rasmanasiga xoinlikka oʻtibdi. Kallasi ogʻirlik qilib qolganga oʻxshaydi.
— Eshon, gʻazabga oʻrin bermaganingiz ma’qul. Jahl kelganda aql ketadi. Ikki urishqoq podshohdan ikki ahil darvishning kuchi ziyodroq, deyishadi. Murosai madora...
— Murosaga oʻrin yoʻq. Islom lashkarlari ichida xoinlar boʻlmasligi kerak! Endi uning yigitlarini oʻzimizga agʻdarish harakatiga tushmogʻimiz lozim. Buni alohida kengashib koʻramiz. Ahmad dev, nima, shunday oʻtaveramizmi?
— Begim, Mamat chirik Ishoq buqoq bilan Asqar choʻtirni boshlab kelibdi. Chaqiraymi?
— Tashqariga joy qilishsin. Beklarimning ham bir bahri-dili ochilsin.
— Begim, ularning bir parizodi ham bor ekan, chiqaversinmi?
— Nima? — Norxoʻja Ahmad devga oʻqraydi. — Koʻngling najasni istab qoldimi? Naq putlaringni yirib yuboraman-a!
— Qonimizdan keching, begim, koʻnglingiz yozilarmikin, deb edim-da.

Ahmad dev ta’zim bilan chiqib ketdi.

Oq oʻtov oldidagi maydonga yigitlar davra qurishdi. Ikki kishi kelib qoʻrboshiga ta’zim qildi. Ularning oriqrogʻi chindanam uzun, goʻshtdor kishining esa tomogʻida mushtday buqogʻi osilib turardi. Norxoʻjaning imosi bilan ular childirmalarni chertib, aytishuvlarini boshladilar. Oxirat bozoriga
Yuk bogʻlagan karvon, buqoq.
Olti ming gʻishtni pishirgan
Betutun xumdon, buqoq.
Atrofni kulgi, qiyqiriq bosib ketdi. Ishoq buqoq davraning tinchishini kutib turdi. Keyin xirildoq ovozi bilan javob qildi: Arilarning uyasini —
Bet bu, deb aldar choʻtir.
Xuddi chakichlab chekilgan —
Patir, deb javrar choʻtir.
Yana kulgi. Yelkasiga xurjun osgan,
Xurjunida oshqovoq.
Har biri chorak yetilgan,
Mirishkor dehqon, buqoq.
Boʻldi kulgi. Bu kecha qaylarda qolding?
Betlaring itning izi.
Panjaragulchin yuzingdan
Ayladingmi or, choʻtir?
Qiyqiriq avjiga chiqdi. Kulgidan koʻzlari yoshlanib, ichak uzilay dedi. Choʻtir avval qoʻlini koʻtarib, keyin buqoqqa ta’zim qilib, taslim boʻlganini bildirdi. Keyin ikkovlon qoʻshiq boshlashdi: Boʻz oʻgʻlonning boʻz oti,
Koʻkka qarab kishnaydi.
Uni koʻrib jonona
Jilovidan ushlaydi.
Ushlama, qoʻy, oyimqiz
Harom oʻlgur tishlaydi.
Davra oʻrtasiga bu safar shopmoʻylovli «juvon» eshilib chiqdi. Sabohiddin nari ketdi. Norxoʻja savol nazari bilan Sultonmurodga qaradi.
— Akasini oʻylab tinchini yoʻqotdi, — dedi eshon.— Manavilar bilan kelgan parizod Jamol oʻrisning xotini boʻlgan bir vaqtlar.
— Shunaqami? Bu biladimi?
— Singlisi aytgandir.
— Xoliqberdi unga nima yumush buyuribdi, soʻramadingizmi?
— Yoʻq.
— Soʻrang. Jilovni boʻsh qoʻymang. Kunimizga asqotib qoladi.

Bazm davom etardi. Yigitlarning har bir qiyqirigʻi Sabohiddin qalbiga tigʻ boʻlib sanchildi. Uning koʻngli jihod istab bu tomonlarga yoʻl burgan edi. Bunda koʻrganlari... Shularmi islom lashkarlari?! Yurt qon qaqshayotgan damda koʻngilochar bazmlari nimasi? Azon chaqirigʻini birov qulogʻiga olib safga turadi, boshqasi oʻz yumushi bilan band. Akasining gapi isbot topyapti-ku? Chindan ham bular adashganlarmi? Sust iymon bilan gʻalabaga erishmoq mumkinmi? Oʻz nafsiga jihod e’lon qila olmagan odamdan katta jihodda qanday karomat kutish mumkin? Qoʻrboshi amiralmuslimindan nafratlansa, bu qanaqa jihod boʻldi?

Afsus, alam, nafrat qorishgan paytda kishining bagʻrini portlatib, qoʻporib yuboray deydi. Sabohiddin hozir shu holatda edi. Bagʻriga ming-ming odamning dardini, sir-asrorini yashirib, qorongʻi kechada xunuk manzara kasb etib, mungʻayib yotgan bu togʻlar Sabohiddinning ham dardini yuta olarmikin? Koʻrganlari shu oʻrkachlar ichiga sir boʻlib singarmikin? Nahot Olloh shuncha nolayu ibodatini tariqcha inobatga olmasa? Yurt boshiga shuncha azoblar kammidi? Axir yurak hil-hil boʻlib ketdi-ku? Oldinda yana necha qiynoqlar bor? Bu azoblarga Sabohiddinning vujudi chidash bergan taqdirda yuragi chiday olarmikin? Tars yorilib ketmasmikin? Sabohiddin miyasiga bexos yarq etib urilgan bu fikrni «alhamdulillah, shunisiga ham shukr», degan soʻzlar bilan quvmoqchi boʻldi.

U yongʻoqzor etagida yonib turgan gulxan sari yurdi. Soʻng gulxan atrofida davra qurganlar safiga qoʻshildi. Suhbat avvaliga qovushmadi. Sabohiddin uzun kosov bilan gulxanni titib oʻtirgan kishiga tikilib qoldi: qoratoʻridan kelgan, yonoqlari boʻrtib chiqqan, koʻzlari qisiqroq, moʻylovli... Yana nimadir yetishmaydi. Ha, soqol. Agar soqol qoʻysa, Norxoʻjaning quyib qoʻygan oʻzginasi.
— Mendan koʻz uzmay qoldingiz, taqsir, tinchlikmi oʻzi?
— Siz qoʻrboshiga juda oʻxshar ekansiz.
— Jiyani boʻlgandan keyin oʻxshaydi-da, — dedi davradagilarning biri.
— Ie, jiyan boʻlsangiz... bu yerda...
— Nima, anov yerda, toʻrda oʻtirishim kerakmi? — dedi jiyan toʻng ovozda. — Men issiq oʻrnimni tovda oʻyin-kulgi koʻraman, deb sovutmaganman. Qoʻrboshingiz shunday yuraversa, qornini oʻzimla yorib tashlayman!!
— Tilavoldi!
— E, sen meni tergayverma. Hammang pana-panada botirsanlar.

Tilavoldi shunday deb qoʻl siltadi-da, turib daraxtzor orasiga kirib ketdi.
— Bu boshqa olam, qoʻrboshi boshqa olam. Tilavoldiga Xudo devning yuragini bergan. Ammo gap kelsa, amakisini ayamaydi, — dedi Tilavoldini insofga chaqirgan yigit.
— Taqsir, hov oʻtovda yolgʻiz turgan qiz kimingiz boʻladi? Oʻtovga kirib chiqqaningizni koʻrib edim, — deb soʻradi davradagi yoshi ulugʻroq kishi.
— Singlim.
— U qizni ancha burun Sultonmurod boshlab kelganlar. Qattiq qoʻriqlaydilar. Bir sir bor, deyman-a...
— Sir yoʻq, taqsirim, shunchaki... panohlariga olganlar...

Sabohiddin bu gapdan keyin davradagilarning bir-biriga sirli qarab olishganini sezdi.

Bazm tugagach, Norxoʻja oʻtoviga kirdi. Ahmad dev unga ergashdi.
— Begim, bir narsani soʻrash niyatim bor.
— Surayver.
— Buxoroi sharifdan maktub oldim, dedingizmi?
— Ha.
— Yordamdan darak bormi?
— Kutinglar, deyishyapti. Amir jangga tayyorlanyapti.
— Tayyorgarligi juda choʻzilib ketmadimikin?
— Bu bilan ishing boʻlmasin.
— Mulla yuborgandan koʻra toʻrtta beshotar yuborishmaydimi?
— Kalta oʻylaysan, dev. Bilagingda kuching boru kallangda aql yoʻq. Birgina mullaning yarim ogʻiz soʻzi bilan sendaqa yuzta dev eplay olmaydigan ish bitadi. Bu yigit jihod koʻrgan ekan, bizga asqotib qoladi. Besh yil Buxoro tuprogʻini yalagan. Bu chakana gap emas! Ammo mulla yigitni sira nazardan qochirma. Bu yoqqa kelishdan oldin Xoliqberdining suhbatida boʻlgan. Toʻraning bir niyati borga oʻxshaydi. Lekin mulla yigit unga emas, menga xizmat qiladi. Bir niyatim bor. Inshoolloh, unga shu mullaning koʻmagi ham tegadi.
— Sultonmurod-chi?
— Endi u qarib qoldi... Qari eshak agʻanab, tuproq toʻzitishdan boshqa narsaga yaramaydi. Men Xudo deb, qilich yalangʻochlab yuribmanu, Xudo menga obroʻliroq biron shayxni ravo koʻrmayapti. Avomni ogʻziga qarata oladigan bir shayx boʻlganda edi. Xudo shu mullavachchani ravo koʻribdi, shunisiga ham shukr...
— Mulla bolangizdan ish chiqarmikin?
— Chiqadi. Bizning istagimiz bilan u katta obroʻ egasi boʻladi. Soʻng ana shu obroʻ bilan bizga xizmat qiladi.
— Oson esh beradiganga oʻxshamaydi.
— Oʻxshamasa oʻxshatamiz. Hozircha hamma ishimiz xamirdan qil sugʻurgandek boryapti. Burnidan ip oʻtkazib oldik, qaerga sudrasak boradi. Yaqin kunlarda oyogʻiga ham kishan uramiz... Erta-indin Zayniddin qori keladi bu yerga. Uning tashrifi ham bejiz emasdir.
— Istasangiz, qori bu yerga yetib kelolmasligi ham mumkin.
— Esingni yema. Qori bizga dushman emas. Faqat yoʻli boshqacharoq. U dushman boʻlgan taqdirda ham tirik qolishi kerak. Xalqning peshonasiga bunaqa odamlar har kuni bitavermaydi. Senga qoʻyib bersa... Bor, joʻna.

Ahmad dev chiqib ketdi. Norxoʻja oʻringa yonboshladi. Uning niyati faqat oʻzigayu Xudoga ma’lum. Bu qishdan eson-omon chiqib olsa, oshigʻi olchi. Xoliqberdi toʻra oʻziga xoinlikni ravo koʻrib, shoʻrolar tomoniga oʻtsa oʻtar. Bu hali butun islom lashkarlari boʻyin egdi, degan gap emas. Kuch yetmasa, hiyla ishlatadi. Laylatulqadr kuni Sabohiddin tush koʻrganini qishloqma-qishloq yurib aytadi. Norxoʻjani mahdi deb e’lon qila boshlaydi. Xoliqberdi toʻradan ayrilgach Zayniddin qori shubhasiz, uning panohiga kiradi. Ana shunda uning yoʻliga hech kim gʻov boʻlolmaydi. Buxoro amiri qoʻshin tortmagan taqdirda ham Fargʻonani oʻzlari eplay olishadi.

Norxoʻja shu xayollar ogʻushida oʻtirganda oʻtov ogʻzida Sultonmurodning qorasi koʻrindi. U yengil tomoq qirib ichkari kirdi-da, qiroat bilan salom berib poygakka tiz choʻkdi.
— Ha, taqsir, paytavangizga qurt tushganga oʻxshaydi? — dedi Norxoʻja, joyidan jilmay.
— Zayniddin qori kelarmishlarmi?
— Is oldingizmi darrov. Kelsa kelar, sizga nima?
— U kelsa beklaringizni yoʻldan urarmikin, deyman-da.
— U holda yoʻliga peshvoz chiqing-da, iziga qaytarib yuboring.

Bu gapni eshitib Sultonmurod oʻrnida bir qimirlab oldi.
— Eshonim, hazil qilmang. Shu xususda bir fikr bilan kirib edim huzuringizga. Malol kelayotgan boʻlsam, chiqa qolay.
— Ayting, fikringizni.
— Qori kelsa kelsin. Izzat bilan kutib olaylik. Keyin... uylantirib qoʻyib, iziga qaytarsak-chi?
— «Uylantirib» deysizmi? — Norxoʻja bu taklif panasida qanday niyat bor ekan, deb bir oz oʻylandi. «Zayniddin qori kelsa men beklarimni yoʻldan uring, deb qoʻyib qoʻyar ekanmanmi. Qori kelsa yonimdan bir qadam ham siljimaydi. Bu tullakning xavotiri boʻlak. Qori bilimi, e’tibori bilan undan baland. Bir davrada choʻqishib qolsa rasvoi jahon boʻlishi tayin. U shundan xavotirda». — Uylantirib qoʻyamizmi? — deb qayta soʻradi Norxoʻja. — Kimga?
— Yallachilar bilan kelgan parizodga.

«Maqsadi endi ayon. Qorini xoʻrlamoqchi»
— Parizodga deysizmi? — Norxoʻja shunday deb qaddini koʻtardi. — Men uni sizga ravo koʻrib edim?
— Menga? — Sultonmurodning kapalagi uchib ketdi. — Hazillashmang, eshonim. Mening uylanish niyatim yoʻq. Men taqvodor odamman, jonimni Olloh yoʻliga tikkanman. Oxiratni soʻrab yurgan menday odamga bu dunyo lazzati kerak emas.
— Shundaymi? U holda... — Norxoʻja Sultonmurodga sinovchan tikildi. — U holda qorini parizodingizga emas, oʻzingiz boshlab kelgan qushchaga uylantiramiz.

Sultonmurod qoʻrboshining nigohiga dosh berolmay boshini egdi. Norxoʻja undan sado chiqishini kutdi.

Sultonmurod bu safar yanglish kirganini fahmladi. Qoʻrboshi qorini yoqtirmaydi, aytganim boʻladi, deb adashganini bildi. Norxoʻja Zayniddin qorini yoqtirmasa ham uning xizmatlariga hali umidi bor edi. Sultonmurod xuddi shuni hisobga olmay yanglishdi. Endi boʻlar ish boʻldi. Qoʻrboshi javob kutyapti.
— U qizaloq... qaydam, — deb chaynaldi, — akasi shu yerda... koʻnarmikin?
— Koʻndirasiz. Siz tongda mulla yigitni chaqirib, bir tush koʻrganingizni aytasiz.
— Qanday tush?
— Oʻzingizni goʻllikka solmang. Siz tushingizda uning dadasini koʻrgansiz. Dadasi: «Qizimni qoriga atadim», degan. Men ham xuddi shunday tush koʻrganman. Uqdingizmi? Boring, nonushtadan soʻng oʻzim chaqiraman.

Sultonmurod bu safar hurmat yuzasidan emas, yelkasiga bexos tushgan gʻamdan bukilib tashqariga chiqdi.

«Kallasiga yaxshi fikr kelibdi, — deb oʻyladi Norxoʻja, — Zayniddin qori ham oʻzimniki boʻlib qoladi shekilli?»

Sabohiddin «qoʻrboshining amriga koʻra akamni tongda qoʻyib yuborsalar kerak, bir ogʻiz boʻlsa ham gaplashib olay», degan niyatda yoʻlga chiqib turgan edi. Kun yoyilsa hamki, qarorgoh tomondan hech kim kelmadi. Norxoʻja fikridan qaytdimikin, deb xavotirlandi. Quyosh koʻtarilgan sayin tashvishi orta boshladi. Endi qarorgohga qaytishni niyat qilib turganida qarshi tomondan otliq koʻrindi. Sabohiddin tarvaqaylab oʻsgan archaning panasiga oʻtib, uni kutdi. Otliq yaqinlashgach, uni tanidi-yu, quchoq ochib qarshiladi.
— Qori domla, oʻzingizmisiz? Koʻzlarimga ishonmayapman, — dedi shodligini yashirolmay.
— Xuddi oʻzimman. Nima, pistirmada yolgʻiz turibsanmi? — dedi Zayniddin qori otdan tushar ekan. — Qani, xurjunni ol, bahonada nafasimni rostlay.

Sabohiddin xurjunni olib, archa soyasiga joy qildi.
— Meshda qimiz bor, och, — dedi qori yonboshlab,— sen akangni kutayotganga oʻxshaysan-a?

Sabohiddin «Qaerdan bilasiz?» degandek yalt etib unga qaradi.
— Jamoliddinni yoʻlda koʻrdim. Bomdodni oʻqiyotuvdim. Qarasam, qoʻrboshining ikkita yigiti oldiga solib kelyapti. Nima gapligini bilolmadim.
— Akamga tuhmat qilishdi. Kimdir sigir oʻgʻirlab soʻyibdi-yu, terisini ogʻilxonamizga tashlabdi.

Zayniddin qori kuldi.
— Sigirni kim oʻgʻirlaganini bilmadingmi?

Sabohiddin yelka qisdi.
— Nima uchun sendan emas, akangdan shubhalanishdi, oʻylab koʻrmadingmi? Shunaqa ham sodda boʻladimi kishi? Axir bu Norxoʻjaning oʻyini-ku? Jamolni ushlab kelgandan keyin sen kelgansan. «Akamni qoʻyib yuboring», deb Xudoning zorini qilgansan. U «marhamatini ayamay» iltimosingni inobatga olgan, shundaymi? Shu yaxshiligi uchun sen endi undan qarzdorsan. Qani, biron ishdan boʻyin tovlab koʻr-chi, endi?
— Singlim ham oʻsha yerda...
— Buni eshitdim. Har holda Norxoʻja Xoliqberdi toʻra huzurida boʻlganingni bilib, nayranglarini ishga solgan. U bizning nima uchun kelganimizni anglab turibdi. Seni qarmoqqa ilintiribdi. Meni bir balo qilib Oʻshga qaytarib yuborishga urinadi.

Zayniddin qori shunday deb, qimizdan simirdi. Sabohiddinning ichgisi kelmadi.
— Siz ketib qolsangiz, men bir oʻzim...
— Sen hadiksirama. Uning xizmatlarini bajarib yuraver. Arqonni uzun tashla.
— Toʻramning topshirigʻi-chi?
— Toʻra aytaveradi. Quruq gap bilan odamni insofga keltirib boʻlar ekanmi? Toʻra notoʻgʻri ish qilyapti. Shoʻrolar bilan san-manga bormay, avval Norxoʻjaga oʻxshagan kichik baliqlarni yutish kerak. Ana keyin katta baliq bilan betlashsin. Shoʻrolar yengilgan taqdirda Nor ham, Koʻr ham tek turmaydi. Buni Xoliqberdi biladi. Bila turib «jigarlarimga tigʻ tortmayman, insofga keltiraman», deydi. Amiralmusliminning onasigaki tigʻ urdilarmi, bu palagi nosogʻlardan yaxshilik kutib boʻlmaydi.
— Toʻramning onalarini... Shular fatvo berganlarmi?
— Bilmasmiding?
— Yoʻq. Oʻylab ham koʻrmabman.
— Shu ishing chakki. Endi sen mullavachcha emassan. Muhoraba oʻtidagi odamsan. Chanoqqal’ada aqling kirmadimi: lalaysang, peshonangdan oʻq yeysan. Xoliqberdi shoʻrolar bilan yarashsammi, yarashmasammi, deb kalovlanib turibdi. Yarashish niyatidan qaytsin, deb shu nopok ishga qoʻl urishdi. Ularning rejasicha, onasining shoʻrolar qoʻlidan qazosini topganini bilgach, toʻra gʻazabga minishi kerak edi. Toʻra gʻazabga minishga mindi-yu, sir boy bermadi. Endi nima qilmoqchi ekani Xudoga ayon boʻlmasa, bandaga ma’lum emas.
— Toʻram fatvo berganlarni bilaman, degandilar.
— Bilmay-chi! Axir u koʻr ham, kar ham emas. Koʻrib, eshitib turibdi.

Qori hordiq chiqargach, oʻrnidan turdi. Sabohiddinning yelkasiga tiralib otga mindi. Sabohiddin otining jilovini olib oldinda yurdi. U arosatda qolgan, hozir Salimxoʻjaga oʻxshash dono hamsuhbatning maslahatiga zor edi. Qori ham dono kishi, ammo uning yoʻli boshqa, Sabohiddinniki boshqa. Qori manfaatdan kelib chiqib, nasihat qiladi, ehtiyotkorlikni hush koʻradi. Sabohiddinga esa toʻgʻri yoʻl uchun jonini ham ayamaydigan odamning nasihati kerak. Sabohiddin shunday xayollar bilan ketayotganida Qori yana soʻz boshladi:
— Nopok odamlar ham jismonan, ham irodasi kuchli kishini tez payqaydi. Keyin atrofiga toʻplanib, uni aldab, boshqalarni esa gangitadi. Xalq ham omi-da, qoʻyga oʻxshab oʻsha kuchli odamning atrofiga toʻplanaveradi. Nopoklar esa bundan foydalanib, podani oʻziga kerakli yoʻlga buradi. Norxoʻjaning atrofini ham shunaqa nopoklar oʻrab olgan. Uning ishonganlaridan biri oʻzingning domlang. Chala mulla domlangga qaraginu qoʻrboshiga baho beraver.

Sabohiddin bosh irgʻab, qori domlasining gapini tasdiqladi. Qori esa gapini davom ettirdi:
— Bu qoʻrboshilar yoz chillasida tentirab yurgan laxtak-laxtak qora bulutlarga oʻxshaydi. Quyosh yuzini toʻsgani bilan bir parchagina yerga soya tashlashini bilmaydi. Nazarida hammayoqni ostin-ustun qilib yuborganga oʻxshaydi. Etagi yirtiqligidan, shu yirtiqdan nur oqib kirayotganidan xabarlari yoʻq. Laxtak bulutlar birlashsa, kuchli momaqaldiroq boʻlsa, jala quysa, sel kelsa uning yoʻlini toʻsish qiyin. Laxtak bulut tashlagan uch-toʻrt tomchini yer birpasda yutadi. Qoʻrboshilar buni fahmlamay kuchanib yotishibdi. Turkiy bayroq atrofida birlashmas ekan, bu bulutlarni yengil shabada ham haydab ketadi.

Sabohiddin bosh irgʻab, bu gaplarni tasdiqlagan boʻlib, indamay borardi. «Bu odamlar tobelikni buncha yoqtirishmasa, — deb oʻylardi u — biri oʻrisga qayishaylik, deydi. Biri turklarga, yana biri inglislarga. Nahotki oʻzgalarga koʻz tikmay, mustaqil harakat qila olmasak? Qori domlamning quloqlariga turklar azon aytishganmi, ikki gapning birida ularni alqaydilar. Buxoroga borajagimni bilib ham «Istambulda tahsil olsa durustmikin?» deb edilar. Otam kamxarj boʻlmaganlarida bu kishining soʻzlariga kirib Istambulga joʻnatardilar. U holda men ham turkiy bayroqqa sajda qiladiganlardan boʻlarmidim? Ahli millatning aksari turk davlatiga najot koʻzlarini tikyapti. Ular «biz bir xalqmiz», deyishadi. Lekin qonlari qonimizga qoʻshilarmikin? Ularning oʻzlari hozir jar yoqasida turishibdi. Bizga yordam berishga qurbilari yetmaydi-ku?» Sabohiddin shu tarzda qoriga fikran qarshilik bildirar, ammo bu gaplarni tiliga chiqarmoqqa botina olmasdi. Yana picha yoʻl yurishgach, Zayniddin qori afsus ohangida gap boshladi:
— Xoliqberdi amiralmuslimin, deb hisoblangani bilan doʻppisi ancha tor. «Islom lashkari, amiralmuslimin...» nomi ulugʻu ammo quvvat yoʻq. Orada ittifoqlik yoʻq. Sen Chanoqqal’ada inglislarni, farangilarni koʻrding, ularning harb ilmida ilgʻor ekanliklariga guvoh boʻlding. Shoʻrolarning askari ham olmon bilan urushib obdon pishgan. Ularning «kazak» deganlari bor-ki, Xudoning bir balosidir. Shoʻrolarning aslahalari ham bekamu koʻst. Xoliqberdining yigitlarichi? Miltiq otishni endi-endi oʻrganishyapti. Hozir uncha-buncha odamga soʻz bermayman, deguvchi Shermuhammad ham miltiq otishni Xoliqberdidan oʻrgangan. Oʻrganish chogʻida miltiq piltasidan uchqun sachrab, bir koʻzni koʻr qilib olib «Koʻrshermat» degan nomni olvoldi. Shular jahon muhorabasini koʻrgan askarlarga bas kela olisharmidi? Turklarning jang koʻrgan zobitlari kelishsa edi, ishlar boʻlakcha boʻlardi.
— Ularning katta zobitlari orasida ham noittifoqlik mavjud, — dedi Sabohiddin.
— Ha, — Zayniddin qori xoʻrsindi, — bilaman. Hamma balo shu noittifoklikda, hamma sharaf esa millat birligida! Sharafga eltuvchi birlik yoʻq.
— Birlikning boʻlish yoki boʻlmasligi bandalardagi iymon quvvatiga bogʻliq. Iymon zaif yerda ittifoqlik ham, jihod ham yoʻq. Erkak kishiga gajak taqib, bazm qilish jihod emas.
— Ha, balli, buni fahmlab yetibsan, — dedi Zayniddin qori kulimsirab. — Har qanday jang ham jihod boʻlavermaydi, urushga kirgan hamma ham shahidlik martabasiga yetavermaydi. Qani, oʻrni kelib qoldi, — Zayniddin qori Sabohiddinga sinov nazari bilana qaradi: — Abu Muso roziyolloxu anxudan bu xususda rivoyat qilingan hadisi sharifni esla-chi, shoyad mas’ala oydinlashsa.

Sabohiddin bu sharafli hadisni bilsa ham, odob saqlab, qoʻlini koʻksiga qoʻydi-da, «oʻzingiz marhamat qila qoling», degan ma’noda yengil ta’zim etdi. Yigitning bu odobi qoriga ma’qul kelib, koʻzlari kuldi.
— Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomdan soʻradilarkim, «Shijoat bilan urushga kirgan Odam Ollohning yoʻlida urushgan boʻladimi, tarafkashlik uchunmi yoki riyo uchunmi?» U zoti bobarakot javob qildilarkim, «Kim Ollohning soʻzi oliy boʻlishi uchun urushga kirsa, Ollohning yoʻlida urushgan boʻladi». Shunga koʻra aytishimiz mumkinkim, bu koʻrayotganimizni tarafkashlik urushi demoqlik durustdir. Hattoki riyo ham bor bunda. «Oʻlsam shahid ketaman», deb yurganlar adashayotganlarini bilmaydilar. Oʻlishdan oson ish yoʻq, ammo shahidlik martabasiga yetmoqlik juda-juda mushkul vazifa. Siz bilan biz buni bilamiz, biroq, boshqalarga ayta olmaymiz. Ularning shashtini qaytarmoqlik ham gunoh-da.
— Qori domla, inglislardan nari boʻlmoqlikning imkoni yoʻqmi?
— Borlikka bor. Ammo qurol-aslahalar kimdan olinadi?
— Ulardan qoʻrqqulik.

Chanoqqal’adagi urush avj pallasiga koʻtarilgan kunlari bir sayxonlik yaradorlarni davolash maydoniga aylantirilgan, unda musulmonlar bilan birga asir tushgan inglis, farangi yaradorlari ham anchagina edi. Harbiy kemadan tushib yopirilgan inglislar musulmonlarga qoʻshib oʻzlarining yaradorlarini ham qirib tashlashgan edi. Hozir Sabohiddin oʻsha voqeani eslab, ustoziga soʻzlab berdi. Zayniddin qori bu ayanchli hikoyani eshitdi-yu, javob qaytarmay afsus bilan bosh chayqab qoʻya qoldi.

Bitta dovon oshib oʻtib, Norxoʻjaning qarorgohiga kirib kelishdi. Qoʻrboshi qorini quchoq ochib kutib oldi. Sogʻingan odamini koʻrib quvonganday anchagacha bagʻriga bosib turdi. Norxoʻjaning orqasidan kelganlar ham quyuq salom-alik qilishdi. Sultonmurod esa qoʻrboshiga oʻxshab quchoqlashib omonlashdi. Chinor soyasiga dasturxon tuzalib, davra qurishdi. Ishoq buqoq bilan Asqar choʻtir xizmatga chorlandi. Zayniddin qori Sabohiddin bilan koʻz urishtirib oldi-yu, ularning chiqishiga monelik qilmadi.

Bazm qizigan mahalda Norxoʻja Zayniddin qorini oʻtoviga boshladi.
— Bazm yoshlarga yarashadi. Biz dunyoning ishlaridan gaplashaylik, — dedi u qori oʻtirgan yerga loʻlabolishini surib. — Oʻzingizcha bir kelay ham demaysiz. Har holda bitta soyning suvini ichardik. Yaxshi hamki, toʻram muruvvat qilib, sizni biz tomonga yuboribdilar... Yo, oʻzingizcha keldingizmi?
— Yoʻq, toʻram yubordilar. — Zayniddin qori kulib qoʻydi. — Siz ogoh boʻlmagan sir bormi oʻzi bu dunyoda?
— Bor! — Norxoʻja shunday deb yostiqni nari surdi-da, choʻk tushdi. — Toʻramning harakatlariga aqlim yetmayapti. Shoʻrolarga qoʻshiladiganga oʻxshaydilarmi?
— Bu bir mish-mish...
— Yoʻq, shamol boʻlmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi. Eshitishimcha, Jamol oʻris serqatnov boʻlib qolibdi?
— Ha, tez-tez kelib turardi. Lekin qoʻshilish haqida gap boʻlganini eshitganimcha yoʻq. Bu xususda Jamol oʻrisning oʻzidan soʻramadingizmi?
— Jamol oʻrisdan biladiganimni bilib oldim. Omma toʻram qoʻshilguday boʻlsa omon qolmaydi. Shuni yetkazib qoʻying.
— Mening gap tashish hunarim yoʻq.
— Qoʻying bu gaplarni, qori! Nima uchun bu yerga ivirsib kelib qolganingizni bilaman. Sizga dangal bir gapni aytaymi: uyingizda tek oʻtiring. Bu gʻalvalarga aralashmang. Siz urush tugagandan keyin kerak boʻlasiz. Shuning uchun... men sizni uylantirib, Oʻshga qaytarib yuboraman.
— Uylantirib?
— Ha. Xotiningizni egam chaqirganiga salkam ikki yil boʻlyaptimi?
— Boʻydoqlarga rahm qilaman, desangiz, oʻzingizda kammi?
— Kim?
— Sultonmurod-chi?
— E, qoʻying uni qori, siydigining koʻpigi yoʻq odamga qiz xayf!
— Menga qaysi qizni ravo koʻryapsiz?
— Begona emas. Novqatlik Jalol oshnangizning qizini.
— Eshon, esingizni yedingizmi?
— Yoʻq, desangiz... uni beklarimga topshiraman.

Bu gapni eshitib, Zayniddin qori oʻrnidan turib ketayozdi.
— Yoʻq, yoʻq, asti unday qila koʻrmang, gunohga botmang, — dedi shoshilib.
— Demak, kelishdik-a?
— Men oʻylab koʻray.
— Oʻylaydigan zamon emas. Ertaga toʻy.

Norxoʻja gap tamom, deganday oʻrnidan turib ketdi. Zayniddin qori holsizlanib qaddini koʻtardi-da, xayrlashib, tashqariga chiqdi.

Sabohiddin singlisini imom panohiga olganini eshitganda, «Bir balo bor», deb qoʻygan edi. Bu tong uning koʻrgan tushini eshitib, oʻyi toʻgʻri ekaniga ishonch hosil qildi. Ammo oraga qorining aralashganiga lol qoldi. Nonushtadan soʻng ularni qoʻrboshi chaqirtirdi. Norxoʻja gapni uzoqdan boshlab, endi muddaoga koʻchay deb turganda tashqaridan soʻkingan ovozlar eshitildi. Ahmad dev kirib ta’zim qildi:
— Begim, ot oʻgʻrisini tutib keltirdik.
— Qani?

Kaltakdan yuzlari momataloq boʻlib ketgan bir kishini olib kirdilar.
— Qaerda tutdilaring?
— Oʻzimizning ichimizda ekan, begim. Otlarni oʻgʻirlab, Gʻani qirgʻizga boʻyatib yana qayta oʻzimizga olib kelib mukofot olar ekan.
— Laqillatarkan-da? Gʻanini topib keltir.
— U ham shu yerda. — Ahmad dev chiqib, keksa bir kishini boshlab kirdi.
— Otlarni kishi bilmas qilib boʻyab berarmiding?— deb soʻradi Norxoʻja.
— Shunday, — dedi u.
— Qani oʻzini ham bir bizga boʻyab ber-chi?
— Boʻyamayman, eshonim, bu odam, jonivor emas.
— Boʻlmasa oʻzingni boʻyaymiz.
— Xudodan qoʻrqaman, eshonim, azobiga chidamay oʻlib qoladi.
— Oʻlsa, gunohi bizga, boʻya!
— Yoʻq, boʻyolmayman.
— Dev! Soʻrab koʻr-chi, ularning orasida boʻyashni biladigani bormikin? Topilsa ikkovini ham boʻyat. Tirik qolsa haydab yubor.
— Topilmasa-chi?
— Unda terisini shil. Gʻanining qoʻllarini chopib tashla.

Aybdorlar olib chiqib ketilgach, Norxoʻja gapini kelgan joyidan davom ettirdi. «Bir gʻalati tush koʻrganini» ayta boshlagach, Sabohiddin muddaoni angladi. Shunday boʻlsa-da, qoʻrboshining soʻzini boʻlmay, oxiriga qadar tingladi.
— Zamon ogʻir, qiz bola nozik chinni boʻladi. Darz ketishi hech gap emas. Mana shularni mulohaza qila turib singlingizni qoriga nikohlab qoʻysammikin, degan xayolga keldim. Ertamatan qori bilan maslahat qildim. U kishi rozi, qori otangiz bilan qiyomatli oshna edi. Kecha uzringizni qabul qilib, akangizni qoʻyib yubordim. Bugun siz soʻzimizni yerda qoldirmassiz? — Norxoʻja gapini tamom qildi. Sabohiddindan javob kutib, unga tikildi. — Picha oʻylang. Sizni shoshirayotganim yoʻq.
— Oʻylaganim bilan oʻyim nihoyasiga yetmaydi, taqsir. Avvalambor, xohishingizni singlimga yetkazishim kerak. Soʻng onam bilan akam bu gaplardan bexabarlar. Dadam rahmatlidan soʻng, bu nikohga rozilikni faqat akam bera oladilar. Ustiga-ustak biz azadormiz...
— Gap bunday, mulla Sabohiddin: singlingiz hali gʻoʻr. Nima yaxshi, nima yomon fahmiga bormaydi. Undan rizolik olish ortiqcha. Onangiz uchun esa bari bir. Ona farzandi qaerda tinib-tinchib ketsa, shunga shukr qiladi. Akangiz imonini sotib, oqpadar boʻlgan. Endi oila boshligʻi huquqidan mahrum. Qizning butkul ixtiyori sizning qoʻlingizda.
— Agar qiz norizo boʻlsa, nikohning kuchi qirqiladi.
— Mulla! — Norxoʻjaning ovozi birdaniga tahdidli tus oldi. — Farosatingiz haqida koʻp yaxshi gaplar eshitganman. Bu gaplarni tasdiq qilarsiz, degan umiddaman. Boring, nikohga tayyorlaning. Kechqurun toʻy.
— Bir ozgina fursat bering, taqsir.
— Fursat — gʻanimat. Ertangi nikoh bugun oʻqilsa, osmon uzilib yerga tushmaydi. Manavini olib qoʻying, uyingizga qaytganda onangizga berasiz, — Norxoʻja shunday deb tilla tangalar solingan xaltachani uzatdi.

Ta’zim bilan chiqdilar. Sabohiddin Sultonmurod yuziga qaramadi. Nazarida hamma ish shu odamning rejasi bilan boʻlgan edi. Sabohiddinning butun vujudi nafratga toʻlgan edi. «Ustozi»ga gapirishni ham istamadi. Zayniddin qori qoʻngan oʻtovga qarab yurdi. Qori uni noxush kutib oldi:
— Hamma gapdan xabar topgan koʻrinasan? — dedi ostonada serrayib qolgan Sabohiddinga — Qani, ichkari kir. Ostonada gaplashishning xosiyati yoʻq.

Qori shunday deb uni ichkari chorladi-da, kecha boʻlgan gapni soʻzma-soʻz aytdi.
— Kecha: «Norxoʻja meni bir bahona bilan izimga qaytaradi», degandim. Gapim toʻgʻri chiqdi. Lekin bu qadar tez harakat qilar, deb oʻylamagan edim. Rizolik berishdan boʻlak ilojimiz yoʻq. Koʻp qaygʻurma. Sen oʻgʻlim, Mashhura esa qizim. Uni ona sutiday pokiza holicha uyingga olib borib topshiraman. Oʻsha yerdayoq taloq xatini qoʻliga berib, tengi chiqsa toʻyiga bosh boʻlaman. Koʻnglingni xotirjam qil. Xoʻp desang, Mashhura bilan buvingni Oʻshga olib ketaman. Sen hozir chiqib, bor gapni Mashhuraga tushuntir. Uning ham koʻngli choʻkmasin.

Sabohiddin ma’qul ishorasini qilib, oʻrnidan turdi. Qorining gapidan keyin bagʻridagi gʻubor picha tarqagan boʻlsa-da, dardi yengillashmadi. Toʻy haqidagi gapni singlisiga qay holda yetkazishni bilmay garang edi.

U Mashhuraga ajratilgan oʻtovga kirib oʻtirdi, yonboshladi. Yana oʻtirdi. Mashhura akasidagi oʻzgarishni sezdi.
— Aka, sizga nima boʻldi? — dedi u hadik bilan.
— Hech narsa. — Sabohiddin shunday deb koʻzini olib qochdi.
— Besaranjomga oʻxshaysiz?
— Sizga shunday tuyulgandir.
— Aka, bu yerda yana qancha turamiz? Siz meni olib ketgani kelmabmidingiz?

Sabohiddin javob bermadi. Nima desin? Ayni damlarda oʻz erkiga ega emasligini singlisiga qanday tushuntirsin? Mashhura undan javob kutyapti. Yolgʻon gapirishga majbur endi...
— Mashhuraxon, buvim sizga dadamning istaklari haqida hech soʻz ochgan edilarmi?
— Qanday istak?.. Yoʻ-oʻq...
— Dadam sizni kuyovga uzatishga... hozirlik koʻrib, soʻz ham berib qoʻygan ekanlar.
— A?
— Men ham keyin bildim. Sizning bu yerga kelib qolishingiz dadam rahmatlining oʻsha soʻzlari bilan bogʻliq ekan. Rahmatli dadam qori domlamizga xoʻp, deb qoʻygan ekanlar.
— Sizga kim aytdi buni? Dadam vasiyat ham qilolmay ketdilar-ku?
— Buvim aytdilar.
— Yolgʻon! Meni aldayapsiz! — Mashhura shunday deb yigʻlab yubordi.
— Ota soʻzi — amri vojib. Dadam rahmatli goʻrlarida tinch yotsinlar, desak...
— Jon akajon, unday demang! Aldayapman, deng, akajon, aldayapman, deng...
— Bu Ollohning inoyati, taqdirga tan berish kerak. Peshonaga shunday yozilgach, kimga dodimizni aytamiz. Osmon yiroq...
— Nahot peshonam shunchalik shoʻr boʻlsa?! Uyimizga gʻamdan boʻlak narsa kirmas ekan-da?!
— Tavba, deng, noshukur boʻlmang? Dadam rahmatli sizga yaxshilikni ravo koʻrganlar. Odamlar qizini ikki-uch xotin ustiga beryapti. Qori domlamiz, Xudoga shukr qiling, soʻqqaboshlar. Kundoshlar zahridan ozor chekmaysiz.
— Uyga ketaylik. Bu gaplarni buvimning oʻzlaridan eshitay. Siz aldayapsiz!
— Uyga Xudo xohlasa, toʻydan soʻng boramiz.
— A? Nimaga?
— Toʻyni shu yerda qilamiz.
— Men qochib ketaman!
— Toʻy shu oqshom boʻladi...

Sabohiddin yolgʻon-yashiq soʻzlar bilan singlisini ovutmoqchi boʻlar, ammo shu topda qizga qoʻshilib oʻzining ham yigʻlagisi kelardi.

Tashqarida ayol kishining qisqa-qisqa yoʻtalgani eshitildi. Keyin quloqqa tanish ovoz keldi.
— Mullaka, sizni yoʻqlashyapti. Biz kelin- poshshaning pardoz-andozini boshlashimiz kerak ekan.

Sabohiddin Sojidaning ovozini tanib, gʻijindi. Noiloj turdi. Mashhura uvvos solib akasining boʻyniga osildi. Yalinib-yolbordi. Sabohiddin qult etib yutinib, singlisining qoʻllarini yelkasidan oldi-da, shasht bilan burilib chiqib ketdi.

«Toʻy»ning qanday oʻtganini Sabohiddin bilmadi. Ogʻziga bir qultum suv ham olmadi. Qulogʻiga yor-yor ham eshitilmadi. Nest boʻlib yurdi, oʻtirdi. Birov bilan gaplashish uchun soʻz topolmadi. Soʻz bor edi. Biroq uni eshitadigan dardkash, hasratkash doʻst yoʻq edi. Uning barcha azoblariga endi yolgʻizlik dardi ham qoʻshilgandi.

Sabohiddin uxlagan-uxlamaganini ham bilmaydi. Bir payt xuddi singlisi qichqirganday boʻldi. U koʻzini ochdi. Jimlik. Yoʻq, ana, Mashhura yana qichqirdi. Sabohiddin beixtiyor oʻtov tomonga yugurdi. Oʻtov atrofida ikki-uch kishi uymalanib yurar, Sojida esa kiraverishda oʻtirgan Mashhurani ovutmoqchi boʻlib turardi.
— Nima gap?

Mashhura akasining ovozini eshitib, yozilgan sochlarini bir qoʻli bilan gʻijimlaganicha, ikkinchi qoʻli bilan ichkarini koʻrsatdi.
— Ana, ana... — Uning tili gapga kelmay qolgan edi. Sabohiddin hech nimaga tushunmadi.
— Siz aytsangiz-chi, nima boʻldi? — dedi Sojidaga qarab baqirib.
— Bilmadim, mullaka, bilmadim. Kuyov pochcha omonatlarini... — dedi Sojida titrab.

Sabohiddin otilib ichkari kirdi. Goʻshanga uzilib tushgan, oʻrinda Zayniddin qori qimirlamay yotar, jagʻi tushgan, koʻzlari olaygan edi. Sabohiddin goʻshanganing bir chetini yirtib uning jagʻini tangʻib bogʻladi. Soʻng uning ochiq qolgan koʻzlarini yumib qoʻydi-da, tashqariga chiqdi.

Sozlanish

Samovarxonada Dilmurodning ovozi eshitilib, Rhaq nonini yeb boʻlayotgan Devonadan koʻzini oldi. Devona choyini xoʻrillatib ichgach, unga qarab tirjayib qoʻydi-da, pastga tushib ketdi. Dilmurod uning izidan bir oz qarab turdi. Soʻng Rhaq-Mirzavoyning yoniga oʻtirdi.

Shu payt shalagʻi chiqayozgan yuk mashinasi yoʻlni changitib kelib, guzarning oʻrtasida toʻxtadi. Peshonasini roʻmolcha bilan tangʻigan haydovchi pastga tushib, old gʻildirakni tepib koʻrdi-da, «Hormang, Asqarali togʻa» deb baqirdi turgan yerida.
— Aravangni tomga chiqarib qoʻymading-da, — dedi Asqarali unga qarab. — Sal chetroqqa olsang boʻlmaydimi?
— Gʻam yemang, togʻa. Moshina qishloqda bitta boʻlgandan keyin koʻzga koʻrinib turovursin. Moshina yuzta boʻlsaykan, yoʻlni toʻsib qoʻyding, deb tashvish cheksangiz, — u shunday deb Asqarali bilan koʻrishdi. — Qani, oling endi, bir xumorbosdi qilaylik.

Asqarali belbogʻini qayirib nosqovogʻini oldi-da, unga uzatdi.
— Nima balo, tuproqqa agʻanaganmisan, koʻzlaring ham koʻrinmay qolibdi?
— E, rais tindirmaydi. Moshina boʻlmasa nima qilardiykin, garangman. Omma tozza tentagimni chiqazyapti, — u shunday deb nosqovoqni kaftiga urib-urib qoʻydi-da, poʻkagini ochib ichiga qarab turdi.
— Baqqa ber, — Asqarali undan nosqovoqni tortib oldi-da, kaftiga bir chekim nos tushirib, tilining tagiga tashladi. — Ma, poʻkak, muncha qoʻrqasan?

Zokirxoʻja indamay nosdan otdi-da, narigi soʻriga borib oʻtirdi.
— Shatta oʻtirovurmay ketganini qarang, ke baqqa.
— Shoshib turibman, togʻa. Bir piyola choy ichsam, bas.
— Mirzavoy inim, choydan bormi? Avval choynakning ichini qarang, ilon-piloni yoʻqmikin?

Bu gapga yondagi soʻrida oʻtirganlar kuldi. Zokirxoʻja teskari qarab oldi.
— Ilon desa, yetti chaqirimdan qochadi. Unga sari ulfatlari ham qoʻyisha qolmaydi. Tunovinda nosqovoq ichiga ilondi bolasini solib berishibdi. Shundan beri nosqovoqdan choʻchiydi, — deb izoh berdi Asqarali.
— Chindan qoʻrqsalar, bunday qoʻpol hazil qilish kerakmas, — dedi Dilmurod.
— Gap uqtirib boʻladimi? — dedi Zokirxoʻja oʻtirgan joyidan. — Bularga mayna qilish boʻlsa, bas. E, oʻrgildim...
— Boʻldi, achchigʻing chiqmasin. Oʻzing jizillayvermasang, hech kim senga tegishmaydi. Ichingga ilon tashlab yuborganda ham indamay tur-chi, yana shunday hazil qilarmikin?
— Asqarali togʻa, bas endi, shu choyni ichaymi-yoʻqmi?!
— Boʻpti, tavba qildim, ichovur. — Asqarali shunday deb Dilmurodning yoniga oʻtirdi. — Soʻz xoʻp gʻalati narsa-da. Bir soʻz bilan bosh osmonga ham yetadi, jon boʻgʻizga ham kelib qoladi.
— Soʻz buyumlarning oʻlik soyasi boʻlarkan. U xanjarga aylanib yurakka sanchilishi, hayot suvi boʻlib jon ato qilishi ham mumkin ekan. Qaysi bir shoir shunday degan, kimligi esimda yoʻq, — dedi Dilmurod uning soʻzini ma’qullab.
— Kim boʻlardi, hazrat Navoiy-da! «Hayratul-abror»da aytadilar. Emishki, soʻz tartibsiz sochilib yotgan gavhar, shoir esa zargar. Gavharlarni oʻrni-oʻrniga qoʻya olsa, ajib gʻazal bitiladi.

Agar Zokirxoʻja oʻrnidan turmaganda, Asqaralining soʻzi hali-beri tugamasdi.
— Asqarali togʻa, Markazga ketyapman, xizmatlar bormi?
— Xizmat yoʻq, eson-omon borib kel.
— Rayonga tushadiganlar boʻlsa, olib ketay, — dedi Zokirxoʻja boshqalar eshitadigan qilib. Hech kimdan sado chiqmagach, mashinasi tomon yurdi. Kabina eshigini ochdi-yu, yana qarsillatib yopdi. Ovozini baralla qoʻyib kimningdir onasini «oʻqib» tashladi. Oʻng tomondagi soʻrida oʻtirganlar kula boshlashdi. Zokirxoʻja: «He enangdi...» deb qayta-qayta soʻkinganicha mashina atrofida aylanar, kabinaga yaqinlasha olmasdi. Boshqalar esa uning qiligʻiga qarab qotib-qotib kulishardi.
— Obbo dayuslar-e, yana ilon tashlab qoʻyishganga oʻxshaydi, — dedi Asqarali oʻzini kulgidan tutolmay.

Dilmurod oʻrnidan turib mashina tomon yurdi. Kabinaga yaqinlashib ichkariga qaradi: haqiqatan ham ilon choʻzilib yotibdi. Dilmurod asta eshikni ochdi. Samovarxonadagilar kulgidan toʻxtab unga tikilishdi. Dilmurod eshikni ochishga ochdi-yu, yuragiga qoʻrquv yugurib, nima qilishni bilmay qoldi. «Ilonni boʻynidan mahkam tutsa hech nima qilmaydi», degan gapni eslab, chaqqonlik bilan ilonni ushladi. Ilon qimirlamadi.
— Doʻxtir aka, chaqib olmadimi? — dedi kimdir. Yana kulgi koʻtarildi. Dilmurod oʻlik ilonni chetga uloqtirdi. Zokirxoʻja hamon soʻkinganicha motorni oʻt oldirdi-da, gazni bosib mashinani yeldirib ketdi. Asqarali soʻridagi yigitlarni koyidi.

Dilmurod xijolat boʻlib yuqoriga chiqarini ham, chiqmasini ham bilmay turganda yoʻgʻon tolga suyanib oʻtirgan Devonaga koʻzi tushdi. Devona unga oʻychan boqardi. Yoʻq, oʻychan emas, uning nigohida qandaydir beparvolik, loqaydlik zohir edi. Dilmurod shu paytgacha Devonani bu ahvolda koʻrmagan edi.

Devona erinibgina oʻrnidan turdi. Yoʻl oʻrtasida choʻzilib yotgan oʻlik ilonning dumidan ushlab koʻtardi-da, tol tanasidagi kavakka tashladi. Keyin hech kimga e’tibor bermay mozorboshi tomon yurdi. Uning yoʻl oʻrtasidagi ilon oʻligini chetga olib qoʻyishi Dilmurod qalbidagi umid chirogʻini yoqdi. Odatda Devona bir ishni bajargach, maqtov kutibmi, tirjayib qoʻyardi. Bu safar esa... Demak, unda oʻzgarish boshlangan!

Dilmurodning bagʻriga shodlik yeli ufurdi. Ammo bu shabadaga uchmay: «Hali erta, hali erta», deb oʻzini bosdi. Uning xayolini Asqaralining: «Dilmurodjon, keling endi, choy sovuyapti», degan gapi boʻldi.

Asqarali damlagan choy yarimlamay turib, guzarda toʻqim urilmagan eshakka mingashib olgan bola koʻrindi. U pastga tushmay Asqaralini chaqirib: «Propesur doʻxtir amakini rais buva yoʻqlayaptilar. Tezda borar ekanlar», dedi-da, eshakning qorniga tovoni bilan niqtadi.
— Dayusning bolasini qarang, — dedi Asqarali kulib, — yugurdagi ham «egardan tushmaydi-ya!»

Dilmurod piyolani toʻnkarib oʻrnidan turdi.

Rais idora eshigi oldida kutib turgandi. Dilmurod bilan quyuq soʻrashib ichkari boshladi.
— Tamakidan ham qutulib oldik. Kolxozning xazinasi picha qappayadigan boʻldi. Kelasi yili aytganingizday qilib, emizikli ayollarni chiqarmaymiz. Endi doʻxtir uka, odamlar har xil gap qilib yurishadi. Ularga koʻpam quloq solavermang. Men ertayu kech tinim bilmasdan, nima boʻlsa kolxozga boʻlsin, deyman. Ular esa...
— Mamarayim aka, ochigʻini aytsam xafa boʻlmaysizmi?
— Ie, nimaga xafa boʻlaman. Yigit kishi dangal gapi bilan xotindan farq qiladi-da!
— Dangalini aytsam... Siz odamlarni ranjitish hisobiga ishlar ekansiz. Shuning uchun sizni yomon koʻrishadi.
— Yomon koʻrishadi? Nimaga bunday deyapsiz?
— Oʻzingiz buni bilmaysizmi?
— Meni yomon koʻrganlarning maqsadi manavi, — rais shunday deb stolni urib qoʻydi.
— Yoʻq, unchalik emas. Bekorchi xavotirga berilar ekansiz.
— Bu xavotir emas, haqiqat. Men picha boʻsh qoʻyay, keyin koʻrasiz.
— Siz bir umr rais boʻlib turmaysiz-ku? Vaqti kelib qariysiz, raislikni birorta yoshroq kishiga topshirishadi. Oʻshanda... Oʻzingiz ranjitgan odamlar orasida qanday yashaysiz?

Rais qoʻl siltadi.
— Bir gap boʻlar, juda siz oʻylagandek emasmiz... Sizni chaqirganimning boisi, rayondan topshiriq berishgan, yordam qilmasangiz boʻlmaydi, Xudoga qarshi bir ma’ruza qilib berasiz. Odamlarimiz maktab muallimlarining gapini koʻp eshitishgan. Sizday olim odamning ma’ruzasi ta’sirliroq chiqadi. Xoʻp desangiz, shu oqshom odamlarni toʻplay.

Rais majlisga kolxozning keksayu yoshini toʻpladi. Guzarga odam sigʻmay ketdi. Choyxonadagi soʻrilarni pastga olib tushib qariyalarga joy qilishdi. Maktabdagi uzun stoldan ikkitasini keltirib, tepasiga qizil mato yopdilar. Majlisni raisning oʻzi ochib, dinning zarari haqida uzoq gapirdi. Keyin Dilmurodga soʻz berdi. Dilmurod soʻridagi qariyalarga bir qarab olib, «hali ularni ranjitib qoʻymasam edi», deb ehtiyotlik bilan gap boshladi.

Avval dinning kelib chiqishi, aqidalar, urf-odatlar haqida shoshilmay gapirarkan, ora-sira qariyalarga koʻz qirini tashlab qoʻyardi. Oqsoqollar uning soʻzlarini diqqat bilan eshitar, ayrimlari esa norozi qiyofada bosh chayqashardi. Dilmurod buni sezar, norozilik sababini ham bilar edi.

Har qanday ma’ruzachi suhbat yakunida asosiy mavzuni oʻzi shugʻullanadigan sohaga bogʻlagani singari Dilmurod ham dinning zararli jihatlarini ruhiy kasalliklarga bogʻlagan holda tugatmoqchi boʻldi. U muddaoga endi koʻchganda, kimdir qattiq ovozda: «Moʻylov jinni sizga nima uchun kerak boʻlib qoldi, shuni ham ayting», deb luqma tashladi.

Gʻala-gʻovur boshlandi. Rais oʻrnidan turib ovoz kelgan tomonga qaradi:
— Tek turinglar. Ichlaring qaynab ketayotgan boʻlsa, sovutib qoʻyay.
— Toʻgʻri-da, — dedi yosh-yalanglar oʻrtasida turgan yigit, — kelganlaridan beri Moʻylov jinni bilan ovoralar. Nimagaligini bilishga qiziqyapmiz-da. Shunga ham doʻgʻ urasizmi?
— Qiziqsang, idoraga kel, tushuntirib qoʻyaman.

Dilmurod raisga qarab: «Qoʻyavering», degan ishorani qildi.

Rais oʻtirdi. Odamlar yana tinchishdi.
— Qiziqishingiz oʻrinli. Mana shu majlisdan foydalanib maqsadimni tushuntirishga harakat qilaman. Men vrachman. Vazifam bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatish. Moʻylov jinni, eng avvalo odam shunday emasmi? U ham biz kabi esli-hushli boʻlgan. Eramizga qadar beshinchi asrda yashagan buyuk yunon donishmandi Gippokrat: «Bir tomondan lazzatlanish, shodlik, kulgi, oʻyinlar, boshqa tomondan gʻamginlik, ma’yuslik, norozilik, achinish miyada vujudga keladi. Shu tufayli biz tentak boʻlamiz, alahlaymiz, kechasi yoki kuppa-kunduzi vahimaga, qoʻrquvga tushamiz», deydi. Jinnilik—odamzodda uchraydigan kasalliklarning biri. Bu, xastalik — Xudoning qahridan emas, odamning tashqi muhitdan ta’sirlanishi oqibati. Ba’zilar haddan tashqari ta’sirchan boʻladi. Demak, ularda ruhiy kasallikka moyillik ham boshqalarga nisbatan kuchliroq. Biz ruhiy xastaliklarni bir necha turga boʻlib oʻrganamiz, davolaymiz. Hozir sizlarga bu haqda gapirib oʻtirmayman. Bu maxsus suhbat talab qiladi. Men savolingizga javob berish uchun muddaoga koʻchay: jinnilik — davolash mumkin boʻlgan kasalliklarga kiradi. Buni bizdan ilgari oʻtgan ulugʻ alloma tabiblar yaxshi bilganlar. Bundan ming yil ilgari Bagʻdod, Shomi Sharif, Damashq degan shaharlarda ruhiy kasalliklarni davolovchi shifoxonalar ochilgan. Lekin jinnilarga mehr emas, nafrat koʻzi bilan qarovchilar ham koʻp boʻlgan. Ilgari Yevropaning koʻp mamlakatlarida ruhiy bemorlarni jodugar, deb oʻtga tashlaganlar. Dunyoda hech qachon qora kuchlar hukmron boʻlgan emas. Yomon niyatlarga qarshi yaxshi, yorugʻ maqsadni koʻzlagan allomalar kurashganlar. Pinel degan frantsiyalik olim ruhiy bemorlarga nafrat bilan qaramay, ularni davolash shiorini olgʻa surdi. Shu asosda bemorlar saqlanadigan qamoqxonalar shifoxonalarga aylantirildi. Yuz yil ilgari Kokolli degan ingliz olimi ruhiy bemorlarni kamsitmaslik masalasini koʻtardi. Bu olimlar, shunchaki, rahm-shafqatning quli sifatida ruhiy bemorlarni himoya qilmadilar. Ularning barcha xatti-harakatlari ilmiy asosga ega edi. Biz oʻzimizni ana shu insonsevar olimlar ishining davomchilari deb bilamiz. Shuning uchun ham bemorlarga befarq qarolmaymiz.

Dilmurod ruhiy bemorlarni dindorlar tomonidan davolashga urinish yaxshi natijaga olib kelmasligini gapirib, soʻzini tugatdi. Odamlar raisdan hayiqishdimi, yo hamma gapga yaxshi tushunishdimi, yoki aksincha boʻldimi, har holda savol berishmadi. Rais xoʻjalik ishlariga oid masalada yana nutq soʻzlagach, majlis yopildi. Dilmurod TET ni sinab koʻrayotganini atayin tilga olmadi. Avvalo uni tushuntirish koʻp vaqt talab etardi. Qolaversa, hozircha isbotlab boʻlmagan taxminlarni ovoza qilishning foydasi ham yoʻq edi...

Majlisga yigʻilganlar tarqalishdi. Faqat eng oldidagi soʻrida oʻtirgan olti qariya oʻrnidan jilmadi. Rhaq-Mirzavoy ularning maqsadini darrov angladi. Dilmurodga yaqinlashib past ovozda «jangga hozirlaning», dedi-da, oʻzi choy damlagani yuqoriga koʻtarildi. Dilmurod uning gapini tuzukroq fahmlashga ulgurmay qariyalarning eng ozgʻini uni chaqirdi:
— Prapesur oʻgʻlim, biz bilan bir piyola choy iching...

Dilmurod qulluq qilib kelib soʻrining bir chetiga omonat oʻtirdi.
— Soʻzlaringizni jon qulogʻimiz bilan eshitdik, xoʻp dono yigit ekansiz, otangizga balli, — dedi ozgʻin qariya. Qolganlar bosh irgʻab uning gapini tasdiqlashdi. Soʻrida bu qariyaga nisbatan yoshi ulugʻroq oqsoqollar ham oʻtirishardi. Dilmurod ularning sukut saqlashidan bu qariyaning davra ahli orasida alohida mavqega ega ekanini sezdi. Rhaq-Mirzavoy keltirgan choyni soqoli koʻksiga tushgan qariya olib, uch marta qaytardi. Oʻzi bir xoʻplamgina quyib ichgach, piyolaga ikki xoʻplam choy quyib, ozgʻin qariyaga uzatdi.
— Koʻp bilimli yigit ekansiz, oʻgʻlim, otangizga rahmat. Ammo ba’zan oʻylamay gapirib yuborish odatingiz bor ekan. Hali nooʻrin soʻzlarni ham aytib yubordingiz, nafas yutib indamadik. Endi, nasihat bizdan lozim, oʻgʻlim. Musulmon dini dinlar ichida eng pokizasi. Unga tosh otish yaramaydi. Dinni nazarga ilmasligingiz chakki.
— Otaxon, xafa boʻlmangu, ammo zamonaviy fan nazarga ilmaslik u yoqda tursin, dinni zararli deb hisoblaydi.
— Nimasi zararli ekan, qani bizga bir tushuntirib bering-chi?
— Din bilan bogʻliq hamma narsalar zararli.
— Shundan qay birlari, aniqroq aytovring.
— Masalan, odamlarni qilgan gunohlari uchun qoʻrqitish, ularni yolgʻon umid bilan ushlab turish, Xudo yaratgan turli gʻaroyibotlar bilan boshlarini aylantirish... Bu «gʻaroyibotlar» borgan sayin fan yutuqlari oldida tiz choʻkyapti.
— Oʻgʻlim, soʻzingizdan ma’lum boʻldiki, dinning zararini oʻzingiz ham durust bilmaysiz.
— Nimaga endi...
— Andak sabr qiling. Gaplaringizni yaxshigina uqdim. Aslida sizga doʻppim yoqinqiramabdi, siz esa meni butunicha yomonotliqqa chiqardingiz. Fanimiz taraqqiy etyapti, dedingiz. Xudo hohlasa, bundan ham yuksakroq kamolga yetadi. Din peshvolari hech mahal bunga shak keltirmaganlar. Chunki ilm Olloh tomonidan yaratilgan gʻaroyibotlarni bandalarga tushuntirib beradi. Men ham omi emasman. Ba’zi narsalardan xabarim bor. Qadimgi allomalar avval Xudoning nomini tilga olib, keyin ish boshlaganlar. Hozirgilar ham shunday qilishsa, ajab ish boʻlardi.
— Bizda bunday taxminga muhtojlik yoʻq.
— Qadimning eng buyuk allomalari Xudoga ishonganlar-ku? Ilm bilan din kelishib yashashi mumkin.
— Xudoga ishonuvchi ayrim olimlar hali fan degan gap emas. Umuman, ular bu sohada yanglishgandirlar, yoki kelishishga majbur boʻlgandirlar. Din hamisha fan yoʻliga toʻgʻanoq boʻlib kelgan. Juda koʻp olimlarning quvgʻin qilinganini, oʻldirilganini bilsangiz kerak?
— Jaholat botqogʻidagi ayrim odamlar — hali din emas. Siz ilm va din olamini bir butun olib qarshi qoʻyapsiz, shekilli? Shunday olib qarasak, musulmon dini ilmni sira inkor qilmaydi. Siz aytgan quvgʻinlar, oʻldirishlar nasroniy dini tarixida boʻlgan. Islom dini oʻlimga hukm qilgan bironta olimni ayting-chi? Aytolmaysiz. Sizlarning piringiz boʻlmish Ar Roziy, ibn Sinolar ham musulmon edilar. Ularni shariat «jodugar» deb hukm qilganini eshitganmisiz? Ha, eshitmagansiz. Qur’oni karimning birinchi nozil boʻlgan surasi qaysi muborak soʻz bilan boshlanadi? Bilmasangiz bilib oling: Alaq surasining avvalida, asta’izubillahi: «Iqra’ bismi robbikal lazi xolaq. Xolaqal insana min alaq. Iqra va robbukal akram», sodoqollohul aziym, deyilgan. Bu degani «Butun borliqni yaratgan zot boʻlmish Robbingiz nomi bilan oʻqing. U Insonni laxta qondan yaratdi. Oʻqing! Robbingiz karamlidir». Xoʻsh, oʻqishga da’vat etuvchi din ilmga dushman, jamiyatga zararli boʻlarmikin?
— Qur’onda aytilgan boʻlishi mumkin. Amalga oshirilmagan gaplar kimga kerak?
— Oʻgʻlim, donolik yaxshi, omma muqaddas oyatlarni nazarga ilmay, qattiq gapirishingiz chakki. Darvoqe, oʻzingiz Qur’on bilan tanishmisiz?

Dilmurod bunday savolni kutmagan edi. Javob berishga taraddudlanib qoldi.
— Tanish emassiz, ochigʻini aytovring. Shunchaki inkor etish oson. Lekin mohiyatini bilmay turib rad qilmoq esa gunoh sanaladi. Siz avvalo din bilan bid’at va xurofotlarni ajratib oling. Siz aytgan bekorchi urf-odatlar din emas, keraksiz bid’at va xurofotdir. Men Margʻilonda siz kabi ziyoli bir yigitning katta yigʻilishdagi soʻzlarini tasodifan eshitib qoldim. Azamat tozza bir soat gapirib, qur’onni yerga bulgʻadi. Soʻng men unga hozirgi savolni berdim. «Qur’onni sizdan ham yaxshi bilaman», deb javob qildi. Shunda men «Toʻqson oltinchi suraning oltinchi, yettinchi oyatlarida nimalar deyilgan?» deb soʻroqqa tutdim. Bu hozir eshitganingiz Alaq surasi, oyatlar esa insonning qorni toʻyib, badavlat boʻlgach, takabburlashib tugʻyonga ketishi haqida edi. Yigit lom-mim deyolmadi. Oxiri Qur’onni bilmasligini tan oldi. Bilmay turib tosh otgani uchun sharmanda boʻldi.
— Otaxon, siz-ku Qur’onni bilar ekansiz, lekin hamma mullalarni ham shunday deb boʻlmaydi-da.
— Surishtiraman desangiz, bu sizlarda ham bor gap, oʻgʻlim. Har holda, din jamiyatning beshigini tebratib kelgan katta kuch. Sizning bosh koʻtarganingizga hali hech qancha vaqt boʻlmadi. Katta chinorga otilgan tosh qaytib tushaveradi.
— Biz din ojizlarning ishi, deb bilamiz. Bunday kasallik bilan kurashib, uni davolash kerak.
— Yanglishyapsiz, oʻgʻlim. Din ojizlarning emas, donolarning ishi.Xudoga ishonuvchi odam manmanlikdan, birovga zulm qilishdan xoli boʻladi. Bu birlamchi, ikkilamchi din kishilarning ruhiyatiga kuchli ta’sir koʻrsatadi. Sizlar esa bu qudratdan mahrumsiz. Dinni mutlaqo inkor etmay, kelishuvingiz sizga faqat foyda beradi.
— Yaxshi, otaxon, kelishdik ham deylik. Biz bir tomonda odam Xudoning gʻaroyiboti emas, tabiatning bir boʻlagi desagu, siz boshqa tomondan tabiatni Olloh yaratgan, deb tursangiz, bu yogʻidan qanday naf unadi?
— Chindan ham tabiatni Robbimiz Olloh yaratgan-da!
— Yaxshi, tabiatni Xudo yaratgan, deylik. Xudoni kim yaratgan? Yoʻqdan bor boʻlganmi?
— Xoʻp, tabiatni Xudo yaratmagan ekan, gapingizni ma’qul deylik. Xoʻsh, odamni-chi? Unda odamni kim yaratgan?
— Odam tabiatning qonuniy rivojlanishi mahsuli.
— Ba’zilar maymundan paydo boʻlgan deyishadi shekilli? — qariya shunday deb ayyorona jilmaydi.
— Toʻgʻri, odam maymundan paydo boʻlgan, — dedi Dilmurod kinoyani fahmlamay.

Ozgʻin qariya kuldi. Unga boshqalar ham qoʻshildi. Qariya Rhaq-Mirzavoy keltirib qoʻygan likobchadagi mayizdan olib ogʻziga tashladi.
— Nimaga kulyapsiz?
— Aybga buyurmasangiz, bir gap keldi, oʻgʻlim: Sizning ota avlodingiz maymunmi yo ona avlodingizmi?— bu gapdan keyin oqsoqollar baralla kulib yuborishdi. Sal narida bahsni diqqat bilan eshitayotgan Rhaq-Mirzavoy ham, Asqarali ham kulgidan oʻzlarini tiyolmadilar.
— Otaxon, bu gapingiz yangi emas, — dedi Dilmurod ham kulgiga qoʻshilib. — Mana shu nazariyani yaratgan olimga ham shu savolni berishgan. U kishi: «Men avlodimning maymundan kelib chiqqani uchun qaygʻurmayman. Ammo hali ham ikki oyoqda yuruvchi ongsiz, nodon maymunlar borligidan afsuslanaman», deb javob qaytargan ekanlar.

Qariyaning tanglayiga mayiz poʻsti yopishdimi, yo qalqib ketdimi, yo Dilmurodning gapi ta’sir qildimi, bexosdan yoʻtal tutdi. Oqsoqol choydan quyib uzatdi. Qariyaning yoʻtali bosilgach, Dilmurod gapini davom ettirdi:
— Olimning shogirdi esa: «Men oʻz hayotini xavf ostiga qoʻyib poda qorovulini qutqarish maqsadida yovuz dushmanga tashlangan maymun avlodi boʻlishni begunoh gʻanimlarni azoblab lazzat topuvchi, qonli qurbonliklar qiluvchi, oʻz farzandlarini oʻldiruvchi, xotinlarini choʻri oʻrnida koʻrib muomala qiluvchi, hech bir uyati boʻlmagan holda Xudoga sigʻinuvchilar avlodiga mansub boʻlishdan koʻra yuqoriroq qoʻyaman!» degan ekan. Otaxon, uzr, bu sizga taalluqli emas. Yuz yil ilgarigi gaplar bilan savolingizga javob qildim. Meningcha, bundan boshqacharoq javob boʻlmasa kerak...
— Chindan ham javoblari oʻtkir ekan, omma gapni kavlashtirsang, yana bir savol chiqyapti. Xoʻsh, nima uchun hozirgi maymunlar odamga aylanmaydi?
— Otaxon bu bir kun, ikki kunda boʻladigan gap emas. Tabiatning qonuniy rivojlanishi natijasida amalga oshadigan jarayon. Bunga balki yuz ming yil, balki million yil talab etilar. Ikki oyoqli «maymun»larni odam qilish qiyinu siz toʻrt oyoqligini aytasiz.

Dilmurodning bu gapidan keyin yana kulgi koʻtarildi. Qariyalar «toʻgʻri-toʻgʻri», deb bosh silkib ma’qullashdi. Bundan foydalangan Dilmurod qoʻqqis boshlagan samimiy bahsni oʻz foydasiga hal qilish uchun ozgʻin qariyani bexos savolga tutdi:
— Otaxon, nima uchun Xudo Muhammad paygʻambardan soʻng yerga elchi yubormadi? Nima uchun Qur’on Xudoning oxirgi kitobi boʻlib qoldi?
— Yangisiga hojat yoʻq-da. Islom dini oxir zamon dini, Muhammad alayhissalom oxir zamon paygʻambaridir.
— Agar dinning talablari hisobga olinsa, hojat borga oʻxshaydi. Axir, odamlar borgan sari gumroh boʻlib ketyapti-ku, nahotki, Xudo bunga befarq qarasa?
— Propesur oʻgʻlim, siz andak quyushqondan chiqib ketdingiz. Nafsilamrini aytganda, men haligi ma’ruzangizdan keyin sizni insofga chaqirib qoʻymoqchi edim. Afsuski, insofga yurmas ekansiz. Har holda musulmonchilikka shak keltirmaganingiz ma’qul. Bir tanangizga oʻylab koʻring. Din ilmini ham oʻrganing. Ana shunda bahsga kirishsangiz yarashadi. — Qariya shunday deb hamsubhatlariga qaradi. Ular bosh irgʻab ma’qul ishorasini qilgach, fotihaga qoʻl ochdi. Oqsoqollar ketgach, Asqarali bu qariyaning Oʻshdagi katta masjidda imom ekani, bu yerga mehmon boʻlib kelganini aytdi. Dilmurod dinning mohiyatini bilmay turib bahslashganidan izza chekdi. Toʻgʻri-da, biror-bir savodsiz kishi psixiatriyaning asoslari boʻyicha Dilmurod bilan bahs qilsa, unga nima deb baho berardi? Dilmurodning ham koʻngli xira boʻlib Rhaq-Mirzavoy bilan xayrlashdi-da, Asqaraliga qoʻshilib uyga qaytdi.

Rhaq Dilmurodning majlisdagi gaplarini ham, qariya bilan qilgan bahsini ham eshitib, Sabohiddinni koʻz oldiga keltirdi. Sabohiddin ham jamiyatni faqat din insofga keltiradi, der edi.

Yangi jamiyat yangi yoʻl tanlagan boʻlsa-da, qarashlar kurashi soʻnmabdi. Yerda eski xotiralardan birdan qutulish qiyin. Tangda boʻlak gap edi. Ular hozir Rhaqning Yer sayyorasi haqidagi dastlabki taassurotlarini unutishgan. Uning kundaligi tarix javoniga tushgan.

Bugun-erta Rhaqning kuni bitsa, uni kim eslaydi? Agar Yerda jon bersa, «Mirzavoy degan bir odamovi doʻxtir bor edi», deb yodga olib turishar. Qariyalardan biri ruhiga qur’on bagʻishlar. Tangda boʻlsa-chi? Kuydirilib, kuli ustiga tuproq tortilishi bilan hamma narsa tugaydi. Hatto Fid ham eslamay qoʻyadi. Chunki uning boshida olam-olam tashvish. Bordi-yu, undan avval Fid oʻlsa-chi? Uni Rhaqning oʻzi eslaydimi?

Rhaq doʻstining qiyofasini koʻz oldiga keltirib seskandi. «Yoʻq, oʻlmay tursin. Men bilan yana kim dillashadi?»

Rhaq mana shu oʻylar bilan yotib uxlab qoldi.

Dilmurod esa anchagacha uxlay olmadi. Koʻzni yumdi deguncha ilonni chetga olib qoʻygan Devona gavdalanaverardi. Oʻrnidan turib oʻtirdi, hovliga chiqdi. Soy boʻyiga tushdi. Qaytib kirib yotdi. Koʻzini yumdi: oʻsha hol takrorlandi. Yana oʻrnidan turdi. Hovliga chiqdi-da, beixtiyor qabriston tomon yurdi.

Hujra eshigi berk, ammo ichkaridan Devonaning ovozi kelib turardi. Dilmurod eshikka qoʻl yubor-di-yu, lekin ichkari kirish fikridan qaytib, Devonaning uzuq-yuluq gaplariga quloq soldi:
— Norxoʻja... qoʻrboshi... Norxoʻja... Sojida, ana keldi! Keldi!
— Uvv!..

Birdan Devona jonholatda qichqirib yubordi. Dilmurod beixtiyor ichkariga otilib kirdi. Gʻira-shirada devorga biqinib dir-dir titrayotgan Devona xuddi ustiga ajal bostirib kelayotganday yuzini panjalari bilan toʻsib, baqira boshladi:
— Begim, begim, tavba qildim... Aka, qoching! Uvv...

Dilmurod avvaliga qimir etmay turdi. Keyin iziga qaytib eshikni yopdi.

Ichkaridan Devonaning kulgisi eshitildi.

Keyin u yigʻladi.

Soʻng jimib qoldi.

Dilmurod nima qilarini bilmadi. Chunki Devonaning bu qiligʻi uning uchun yangilik edi. Devona nimalarnidir eslayapti. Agar ilgari bu nomlarni tilga olmagan boʻlsa, demak, TET kuchini koʻrsatyapti: Devonaning miyasi sozlana boshlagan...

Bir haftadan soʻng Devonani uchinchi marta charm qoplagan taxta soʻri tomon boshlashdi. Devona bu safar ham indamay kirib yotdi-da, koʻzlarini chirt yumib oldi. Muolaja tugagandan keyin ham qimirlamadi. Dilmurod Mirzavoy bilan Saboxonni imlab tashqariga chiqdi.
— Saboxon, siz Haqberdi buvadan bir xabar olib keling, — dedi Dilmurod tol soyasidagi soʻriga oʻtirar ekan, — bugun oʻzlari kelmoqchi edilar, daraklari boʻlmayapti.

Saboxon ketgach, Dilmurod Rhaqqa yuzlandi.
— Mirzavoy aka, Devonada oʻzgarish boshlangan, sezyapsizmi?
— Picha oʻzgardi shekilli?
— Boshqalar ham sezishganmikin?
— Nima edi?
— Devona sal esini tanisa, shov-shuv boʻlib ketarmikin, deyman?
— Qoʻrqyapsizmi? — dedi Rhaq kulib. — Mehnat qilgandan keyin shuhrat yukini ham koʻtarasiz-da...
— Juda ichim kuyib ketdi. Men bir choy ichib kelay, siz qarab turing. Yotaversin, indamang.

Dilmurod shunday deb chiqib ketdi. Rhaq esa derazaga yaqinroq borib Devonaga tikildi. Shu asnoda unga Sabohiddinning keyingi hayoti ayon boʻldi.

«Pok» Niyat

Sabohiddin, goʻshangada choʻzilib yotgan Zayniddin qorining jagʻini tangʻigach, tashqariga chiqdi-yu, shoshilib kelayotgan Norxoʻjaga roʻpara boʻldi. Qoʻrboshi uning qarshisida toʻxtamay, nimadir deb pichirlab oʻtovga kirib ketdi. Dam oʻtmay iziga qaytdi-da, Sabohiddinga yuzlandi.
— Mulla Sabohiddin, yoʻlga hozirlaning. Zayniddin qorini Oʻshga qoʻyamiz. Men asrga yetib boraman. Dev, otlarni egarla. Oʻzing Xoliqberdi toʻramga xabar qil. Shilpiqni Oʻshga joʻnat. Barvaqtroq xabar yetkazsin.

Norxoʻja «ma’qulmi?» deganday Sabohiddinga nigohini qadadi. Sabohiddin qoʻlini koʻksiga qoʻygach, u: «Bevaqt oʻlimdan Tangrining oʻzi saqlasin», deb oq oʻtov tomonga yurdi.

Sabohiddin: «Qoʻrboshi hozir hammani burovga oladi», deb oʻylagan edi. Uning xotirjamligidan hayratga tushib, oʻtovdan ikki-uch qadam narida turgan singlisiga qaradi:
— Boʻldi, oʻzingizni bosing, koʻpam vahmga berilmang, — dedi uni ovutish maqsadida. — Qori domlam jonlari uzilmay turib biron narsa demadilarmi?

Mashhura oʻylanib qoldi.
— Dedilar... dedilar, shekilli.
— Nima dedilar?
— Yaxshi eshitmadim. Oxirida «Xudo urdi!» dedilar.
— Jon berishda qiynaldilarmi?
— Ha. Avval «yuragim kuyyapti», dedilar. Choy soʻradilar. Choyni ichib battar besaranjom boʻldilar.
— Nimaga odam chaqirmadingiz?
— Qoʻrqdim... Keyin yana choy berdim. Bir-ikki qultum ichib, koʻzlari olaydi...
— Choyni kim olib kirgan edi?
— Choynimi? Anavi..
— Yuraklari kuymasdan ilgari ham ichgan edilarmi?
— Ha, bir choynakni boʻshatganlar.
— Choydan qolganmi?
— Keyingisining yarmi shunday turibdi.

Sabohiddinga voqea ravshanlashganday boʻldi. Ichkariga kirib choynak-piyolani oldi-da, Norxoʻjaning huzuriga qarab ketdi. Lekin: «Qoʻrboshi uxlayapti», deb uni ichkariga qoʻymadilar. Sabohiddin nima qilarini bilmay turganda, Norxoʻjaning oʻzi chiqib keldi.
— Ha, nima gap? — dedi u norozi ohangda.

Sabohiddin bor gapni bayon qilib, choynak-piyolani uzatdi.
— Ol, — dedi Norxoʻja soqchiga imo qilib. Soqchi choynak-piyolani ichkari olib kirgach, Sabohiddinga qaradi: — Siz ketavering, arava tayyor boʻlgandir. Men gunohkorni oʻzim topaman.

Darhaqiqat, hozir aybdorni surishtiradigan vaqt emasdi. Sabohiddin boʻzlayotgan singlisi bilan xayrlashib, aravaga ergashdi. Ancha yergacha otni yetaklab piyoda bordi. Ikki dovon oshilgandan keyingina otiga mindi.

Norxoʻja aytganiga amal qilib, asrga yetib keldi. Janozaning boshida oʻzi boʻldi. Qabristondan Zayniddin qorining uyiga kelib, tilovat qildi-da, iziga qaytdi. Ketar mahalida Sabohiddinni bir chetga tortib: «Siz yigirmalarini oʻtkazib, soʻng qaytasiz, buni sarf-xarajatga ishlating», deb xaltachada pul uzatdi.

Keldi-ketdi bilan boʻlib Zayniddin qorining oʻgʻillari bexos oʻlimning sababini surishtirishmadi. Sabohiddin ertami-kechmi hisob berishga majbur ekanini bilardi. Norxoʻja shuning uchun ham uni qoldirib ketdi. Axir qori uning singlisiga uylanib, goʻshangada jon berdi-ku? Norxoʻja, qori aytganiday, ayyor ekan. Sabohiddin buni janozadan keyin toʻla his qildi. Ana shunday odamning millat otasi boʻlmoqchi ekanini eslab, gʻazabdan vujudi yondi. Bugun u oʻzining yigitlariga hukm oʻtkazadi. Ertaga Xoliqberdi toʻrani yamlab, hokimlik qulochini kengroq yoyadi. Keyin boshqa qoʻrboshilarni boʻysundiradi. Millat otasi boʻladi. Yurt esa xaroblikka yuz tutadi. Xalqning boshi qirgʻindan chiqmaydi. U millat, millat deb, va’z aytaveribdi-yu, odamlarning ahvol-ruhiyasiga qaramabdi. Vijdon bilan mal’unlikning bir vujudda yashashini hisobga olmabdi. Odamning jigʻildoni uygʻonsa, eng avvalo vijdonini kemiradi. Gʻazab bosh koʻtarsa, mehr ketadi. Mal’unlik qad rostlasa, yaxshilik chiriydi. Sabohiddin buni akasi Sibir qilinganidayoq anglashi lozim edi. Ammo u insofga ishonib, sarobni orzu qilib yuraverdi. Nihoyat, Norxoʻjaning xatti-harakatlarini fikr tarozisidan oʻtkazgach, bu achchiq haqiqatni tan olib, yuragi larzaga keldi. Qalbida uygʻongan nolayu afsuslar bagʻrini ayovsiz tildi. Endi u arosatga qadam qoʻyib boʻlgan: na qaytishi, na ilgarilashi mumkin. Gʻisht qolipdan koʻchgan, qilich qinidan sugʻurilgan. Qarorgohda Mashhura qon yigʻlab yotibdi. Norxoʻja butun aybni uning boʻyniga qoʻyadi. Sojidaga tegmaydi. Sojida... Bunchalar rasvo boʻlmasa bu xotin. Kelib-kelib Norxoʻjaga xizmat qiladimi, alamini shu norasidadan oladimi? Yoʻq, uning uchun Mashhura bir vosita. Mashhura orqali u Sabohiddindan, Jamoliddindan oʻchini oldi. Ha, makkor xotin! Hali qarab tur, Xudo seni it azobiga solmasami...

Sabohiddin yursa ham, tursa ham shu oʻylar hukmida ezildi. Ertasiga, peshin namozi paytida, Xoliqberdi toʻra yetib keldi-yu, bu azobdan bir oz xoli boʻldi.

Xoliqberdi toʻra namozdan soʻng qabristonga borib tilovat qildi. Mozoriston atrofidagi yetim-esirlarga sadaqa ulashdi. Keyin Sabohiddinni yoniga olib shahar oraladi. Sabohiddin yoʻl-yoʻlakay unga boʻlgan voqeani aytib berdi. Xoliqberdi toʻra uning gaplarini indamay eshitdi. Anchagina sukutda qoldi.
— Gunohi mening boʻynimda, — dedi u nihoyat siniq ovoz bilan. — Bila turib oʻlimga yuboribman. Afsus chekkan bilan murda tirilmaydi. Endi oʻzingizni oʻylang. Jamol sizdan rizo emas. Sizni deb men bilan xafalashdi. Bir jihatdan u haq. Aka bir yon, uka bir yon boʻlgani maqbul emas. Ixtiyoringiz oʻzingizda. Istasangiz, uyingizga qayting. Bugun-erta Oʻshni shoʻrolarga topshiramiz. Ular Andijonda katta kuch toʻplashyapti. Bas kelishimiz qiyinga oʻxshaydi.
— Singlim Norxoʻjaning qoʻlida-ku?
— Ha, darvoqe, avval Norning oldiga qaytar ekansiz. Oʻsha yerda boʻla turing. Hech bir ishga aralashmang. Sal tinchib olganimizdan soʻng, sizni huzurimga chaqirtiraman.

Ular shaharni oralab, bolaxonali uy qarshisida toʻxtashdi. Ichkaridan bolalarning ovozi eshitilib turardi. Xoliqberdi toʻra otdan tushib ichkariga kirdi. Boshqalar ham unga ergashishdi. Eshik tepasidagi: «Shoʻrolar yetimxonasi», degan lavhaga koʻzi tushib, Sabohiddin ajablandi.

Xoliqberdi toʻra ichkari kirishi bilan hovli tinchib qoldi. Soch qoʻygan qiltiriq kishi toʻra bilan qoʻshqoʻllab soʻrashdi.
— Xoʻsh, mudir afandi, ahvollar durustmi? Bolalarni zoriqtirmayapsizmi?
— Kam-koʻstimiz yoʻq, toʻram.
— Qani, bolalarni saflang-chi. Nimalarga oʻrgatayotibsiz?

Mudir oʻttizga yaqin bolani darrov safladi. Orasta kiyingan bolalardan besh-oltitasi qaddini gʻoz tutib she’r aytdi. She’rlari inqilobiy ruhda boʻlsa ham, Xoliqberdi toʻra ularni boʻlmay eshitdi. Keyin oʻrnidan turib mudirga ikki xalta pul berdi.
— Bularni zoriqtirmang, — dedi qat’iy ohangda. Soʻng bolalarga yuzlandi. — Sizlar yaxshi oʻqinglar. Oʻqishdan boshqa hech narsani oʻylamanglar. Zamon ham tinchib ketadi. Kelajakda yurtga oʻzlaring hokimlik qilasizlar. Oʻqimas ekansizlar, sizlardan el rozi boʻlmaydi.

Xoliqberdi toʻra shunday deb iziga qaytdi.
— Ha, mulla, shoʻrolarning yetimxonasiga muruvvat koʻrsatganimga hayronsiz-a? — dedi u otga minar chogʻida. Keyin javob kutmay gapini davom ettirdi: — Bolalarda gunoh yoʻq. Kattalar bir-birining goʻshtini yeyapti. Bu ham johillik oqibati. Urushda biz yengsak ham, shoʻrolar yengsa ham, bari bir, erta shu bolalarniki. Oʻqisa, yaxshi-yomonni oʻzi ajratib oladi.
— Aytgan she’rlari boshqacha-ku?
— Ha, sizga qur’ondan suralar oʻqib bersinmi?— Xoliqberdi toʻra kuldi. — Yoʻq, mulla, endi yangicha savod chiqarish kerak. Zayniddin qorini shuning uchun yaxshi koʻrardim.

Xoliqberdi toʻra oʻttizga yaqin yigiti bilan oqshomga yaqin Oʻshdan chiqib ketdi. Sabohiddin, uning buyrugʻiga koʻra, ertasiga bomdoddan soʻng yoʻlga tushdi. Bir kungina Novqatga qoʻnib, onasini yoʻqladi. Sabohiddinga uylari yetimchadek mungʻayib koʻrindi. Bir hafta ichida onasi ozib, koʻzlari kirtayib qolibdi. Darmoni yoʻqligidan hovliga ham qarolmagan koʻrinadi-rayhonlarni zarpechak oʻrabdi. Sabohiddin onasiga boʻlgan voqeani ma’lum qilib oʻtirmadi. Akasining ozod etilganini bildirib, Mashhurani shu ikki-uch kun ichida joʻnatib yuborajagini aytdi-da, yoʻlga otlandi. Ona yana gʻamini ichiga yutib qolaverdi.

Norxoʻja Sabohiddinning barvaqt qaytganidan ajablanmadi. Oʻtovga ta’zim bilan kirgan Sabohiddinning salomiga sovuqqina alik olib poygakdan joy koʻrsatdi.
— Xoliqberdi meni xushlamay yurardi. Endi koʻrarga koʻzi qolmadi. Buning boisini fahmlagandirsiz?— dedi nigohini qadab. — Uning nazarida qorini men oʻldirtirganman! U hech qachon singilchangizni ayblamaydi.
— Axir chindan ham singlim...
— Kim boʻlmasa?! — Norxoʻja shunday deb baqirib yubordi. — Qani, ayting, kim? Sojidami? U ham boʻyniga olmadi. Choynakda qolgan choyni ichirdim. Balo ham urmadi. Xoʻsh? Balki bu toʻraning nayrangidir? Yashirmay aytovuring, gunohingizdan oʻtaman.

Sabohiddin bu gapni eshitib, garangsib qoldi. Tili aylanmadi.
— Nayrang? Qanaqa nayrang, soʻzingizni anglamadim? — dedi gʻudranib.
— Tushunmadingizmi? — dedi Norxoʻja piching bilan. — Xoliqberdi qorini oʻldirishni sizga topshirmaganmidi?
— Yo, Olloh! — Sabohiddin shunday deb yoqa ushladi. — Oʻlimdan xabarim bor, ammo bu gap yetti uxlab tushimga ham kirmagan. Qori domlamning oʻlimlari toʻramga nima uchun kerak ekan? Axir... toʻy sizning niyatingiz bilan boʻldi-ku?

Bu gapdan keyin Norxoʻja sal pasaydi. Darvoqe, Sabohiddinga ayb toʻqiyotganda bunisini oʻylamagan ekan. Endi unga qarshi soʻz aytolmay yumshashga majbur boʻldi.
— Sojida aybni boʻyniga olmasa ham uni jazoga buyurdim.
— Oʻlimgami?
— Yoʻq, nimaga endi? — Norxoʻja zaharxandalik bilan kuldi. — Bizni bu darajada bemehr deb oʻylamang. Biz, odatimiz, boʻyicha, beozorlik liboslarini kiyganmiz, omma lozim boʻlsa, dushman qonidan tepaliklarni sugʻoramiz. Fikrimcha, siz dushman emassiz. Shuning uchun akangizning gunohidan oʻtdik. Singlingizni yigitlar qoʻliga nikohsiz berilishidan saqlab qoldik. Sizga boʻlgan hurmatimiz bizni bu yoʻldan tiydi. Shu hurmat haqqi, yana bir karra marhamatimizni darigʻ tutmay, singlingizni emas, aybsiz juvonni kaltaklatib, gunohini boʻynimga oldim. Axir bandalariga besabab jazo berilsa, Ollohning gʻazabi keladi, shunday emasmi? Domlangizga ayting, singlingizni olib, Novqatga qaytsin.

Sabohiddin yana ta’zim bilan chiqdi.

Norxoʻja hali oldinda jiddiy olishuvlar borligini sezardi. Shuning uchun ham beaql Sultonmuroddan qutulib, itoatkor bandaga aylangan Sabohiddinning xizmatiga umidvor edi. Xudo xohlasa, lak-lak muridlari bor eshonlardan biri Norxoʻja qarorgohiga kirib keladi. Oʻshanda mulla yigitning ham bahridan oʻtadi-qoʻyadi!

Sabohiddin oʻtovdan chiqqach ham, singlisini kuzatib qoʻygandan keyin ham oʻylab oʻyiga yetolmadi: «Qori aka Norxoʻjani qimorboz, deb soʻkardilar. Odatda qimorbozlar ham ayyor, ham mard boʻladilar. Hozir qoʻrboshining mardligi tutdimi yo yangi hiyla ishlatmoqchimi? Nima uchun menga yaxshilik qilmoqchi. Mendan qanday naf koʻrmoqchi? Qori akamning oʻlimlarida kim aybdor? Sojida ijrochi xolos. U choyga zahar qoʻshilganini bilmagan boʻlishi ham mumkin?»

Norxoʻja bu kech bazmga izn bermadi. Shuning uchun ham qarorgohga barvaqt osoyishtalik choʻkdi. Sabohiddin oq oʻtovga qoʻrboshining yaqinlari toʻplanganini bilib: «Bir gap borga oʻxshaydi», deb qoʻydi. Oq oʻtovdan odamlar chiqib ketgach, Norxoʻja uni ham yoʻqlatdi.
— Ertaga yigitlarim bilan safarga chiqaman. Xoliqberdi toʻra yordam soʻrayapti. Shoʻrolar Oʻsh bilan ovora boʻlib turganda Namanganni olmoqchi. Doʻppisi sal torroq. Bir yarim ming yigit soʻrattiribdi. Uni amiralmuslimin, deb fotihaga qoʻl ochganmiz. Istagini bajo keltirishga majburmiz. Xudo xohlasa, Namanganda qishlab, Navroʻzni Qoʻqonda qarshilaymiz.
— Inshoolloh.
— Bomdoddan soʻng yoʻlga chiqamiz. Beklarimning ruhiga madad beradigan va’z ayting.
— Xoʻp boʻladi, taqsir.
— Sizni shu yerda qoldiramiz. Xudo madadkor boʻlib Namanganni olsak, orqamizdan tushib borasiz.

Sultonmurod oq oʻtovga chorlanmay qoʻyganidan xavotirda edi. Izdihomdan soʻng yoʻqlov boʻlganda bir oz choʻchigan, ammo yuzidan kulgini yoʻqotmagan holda oq oʻtovga kirdi.
— Taqsirim, koʻrinmaydilar? — dedi Norxoʻja piching bilan.
— Soyai-davlatingizda...

Sultonmurodning gapi chala qoldi.
— Zayniddin qorining oʻlimidan kuyib ketganga oʻxshaysiz? Rangingizni ham sal oldirib qoʻyibsiz. Ishqilib, Xudo asrasin sizni.
— Duolaringiz, inshoolloh, ijobat boʻlsin.
— Taqsirim, qoriga kim zahar beribdi ekan, bilmaysizmi?
— Oʻlimdan xabarim bor...
— Bilmaysizmi?
— Aybdorni jazoladingiz-ku?
— Siz meni kim deb oʻylayapsiz? Onamdan kaltafahm boʻlib tugʻilgan ekanman-da, a?
— Unday demang, eshonim, sizday ulugʻzot...
— Bas! — Norxoʻja tizzasiga shapati urib, oʻrnidan turib ketdi. — Aslida men sening teringni shilishim kerak edi. Qorida nima qasding bor edi? Qushchani qizgʻandingmi? Yo qori oldida obroʻdan ketishdan qoʻrqdingmi? Senda obroʻ bormi oʻzi? Sariq chaqaga qimmat tullak ekaningni bilasanmi oʻzing?! Zayniddin qori menga kerak edi, sen uni yeding. Endi koʻzimga koʻrinma. Qizni olib, Novqatga qayt. Agar uning yuziga nopok nigohing tushsa, koʻzlaringni oʻyaman. Bor, joʻna.

Sultonmurod oson qutulganidan quvonib, Norxoʻjaning etagini oʻpib, koʻziga surtdi-da, uni duo qila-qila oʻtovdan chiqdi.

Bomdod namozidan soʻng Sabohiddin qoʻrboshining istagi bilan yigitlarning ruhini koʻtaruvchi va’z aytdi:
— Aziz birodarlar, hozirgina barchamiz ahli muslim bajo qilishi lozim boʻlgan farzlardan birini ado etdik. Muhammad alayhissalom aytadilarki, besh farzning biri boʻlmish namoz bandalarni buzuqlikdan va noma’qulchilikdan saqlaydi. Bu hadisning naqadar chin ekani oydin ravishda barchangizga ayon boʻlib turibdi. Shayton vasvasasiga uchib namozdan qaytgan, imonini sotgan yurdoshlarimizning ayrimlari shu buzuqlik yoʻliga kirdilar. Ular oʻzlarining xatti-harakatlari bilan qiyomat-qoyimni chaqiryaptilar. Bu dunyoda hayot kechirayotgan har bir gunohkor banda koʻzi ochiq boʻlsa ham ba’zan qay yoʻl toʻgʻri, qay biri jahannam yoʻli ekanini koʻra olmaydi. Bandalar hidoyat yoʻlini koʻrsatuvchi Tangriga va uning marhamatiga hamisha muhtojlar. Hijratdan oʻn ikki yil avval, ramazon oyining yigirma yettisiga oʻtar kechasida, ya’ni laylat ul-qadr kuni Olloh-taolo Muhammad alayhissalomga vahiy yuborib bandalarni haq yoʻlga boshlashni buyurdi. Yurtimizni depsib, xorlik sari boshlayotgan imonsizlar Olloh-taoloning muqaddas soʻzlari bitilgan Qur’oni karimga ham shak keltirmoqdalarkim, ularning oxiratlari, inshoolloh, butkul kuygay. Tangri ularga doʻzaxdan makon hozirlab qoʻygan. Muhammad alayhissalom aytadilarkim, mening ummatlarimdan kimki Ollohning amriga hozir tursa, u sira kamlik koʻrmaydi. Bunday ummatlarni xorlovchi va ularga zidlik qiluvchilarga shodumonlik darvozlari taqa-taq berkiladi. Bu imonsizlar Ollohning qahriga uchrab, qiyomat-qoyim boʻlgunga qadar xorlikda yashayveradilar.
— Siz, aziz birodarlar, Ollohning amrini bajarmoq uchun issiq uy-joylaringizni, bola-chaqalaringizni tashlab islom lashkarlari safiga qoʻshilgan ekansiz, ishoollohkim, Tangrining magʻfiratiga choʻmilgaysizlar. Robbimiz marhamat qiladikim, asta’izubillahi: «Vallaziyna hojaruna fiy sabilillaxi summa qutiluu av matu layarzuqannaxumulloxu rizqan xasan va innalloxu laxum xoyrur-roziqiin». Sadoqollohulaziym. Ya’nikim, Olloh yoʻlida hijrat qilgan, soʻngra qatl etilgan yoki vafot topgan zotlarni, albatta, Olloh goʻzal rizq ya’ni mangu jannat bilan rizqlantirur. Darhaqiqat, Ollohning oʻzi eng yaxshi rizq beruvchidir.

Sabohiddin soʻzlarini jon qulogʻi bilan tinglayotgan odamlardan koʻz uzmasdi. Gapira turib: «Kecha yigitga gajak qoʻyib, oʻynatib, bazm qilganlar shularmi? Ular haqida notoʻgʻri toʻxtamga kelmadimmi?» degan fikr xayolidan oʻtdi. U: «Gaplarim ta’sir etyaptimikin?» degan oʻyda sal narida turgan qoʻrboshi tomonga ham qaradi. Norxoʻja uning va’zini boshini quyi eggan holda tinglardi. Xayolidan nimalar kechyapti — qilgan gunohlariga tavbami yo navbatdagi zulm rejasimi — bilib boʻlmasdi. Sabohiddin nazarini undan olmagan holda soʻzini davom etdi: — Har bir tirik jon toki nafas olar ekan, Vatani ozodligi uchun, din pokligi uchun kurashmogʻi lozim. Yoʻqsa, bora-bora odamlar islomdan yuz oʻgiradilar, masjidlar molxonalarga aylantiriladi, bolalar otalariga qoʻl koʻtaradilar, xotinlarimiz, qizlarimiz, opa-singillarimiz kofirlar bilan ayshu ishratga beriladilar. Oqibatda, Olloh qiyomatni yuboradi. Qur’oni karimda shunday zikr etiladikim: «Odamlar bilan qilinadigan hisob-kitob yaqinlashdi, ular boʻlsa beparvo yuz oʻgirib yuribdilar. Ha, ular muhlatni yolgʻon deb oʻylaydilar. Bular uchun biz olovni tayyorlab qoʻydik». Fargʻona viloyatida bosh koʻtargan imonsizlar qoʻli baland kelguday boʻlsa, Tangri bu olovlarni yerga yuboradi. Qiyomat kelgan taqdirda ham, Olloh-taolo ahli muslimni shafqat nurlari bilan panohiga oladi. Chunki musulmonlar Olloh-taoloning tanlangan bandalaridir. Qur’oni karimda deyiladikim, «kimki kelajak hayot ekinlarini eksa, biz uning hosilini koʻpaytiramiz. Kimda-kim yaqin hayot ekinini afzal koʻrsa, biz unga xohlaganini beramiz, ammo unga kelajakdan hech qanday hissa yoʻq». Kufr yoʻlidagilarning oqibatini ham Yaratgan Robbimiz oʻz kalomida aniq bayon etgandir. Qachonki sur chalinib, qiyomat boshlanganida umri iymonsizlik bilan oʻtganlarga qarata Olloh aytadiki: «Sizlardan oldin oʻtgan jin va insdan iborat kofir ummatlar ichida sizlar ham doʻzaxga kiringlar!» Har bir ummat doʻzaxga kirgach, sherigini la’natlaydi. U yerda bir-birlari bilan jam boʻlib topishishgach, oxirgi ummat oʻzidan oldingisi haqida «Ey Robbimiz, ana oʻshalar bizlarni adashtirganlar. Ularga doʻzax azobini ikki barobar qilib bergin», deydilar. Shunda Olloh «Har birlaringiz uchun ikki barobardir, lekin sizlar buning hikmatini bilmaysizlar», degay. Yana Tangri-taolo zolimlarning jazosini aniq bayon etadikim, «Ularga jahannam oʻtidan ostilariga gilam va ustilariga yopinchiq boʻlur...» Siz, muhtaram birodarlar, oʻz xatti-harakatlaringiz bilan bugun kelajak urugʻlarini sepmoqdasizkim, insha Olloh, uning shirin mevalaridan bahramand boʻlursiz. Oraga shayton qoʻshilib, bir millat, bir din farzandlari bir-birlarining qonlarini toʻkmoqdalar. Nailoj, bu ham Ollohning irodasi, ulugʻ sinovi. Ollohning ijozatisiz daraxtlar kurtak ham chiqarmaydi, urgʻochilar homilador ham boʻlishmaydi. Olloh iymonsizlarga «Joningni oʻz birodaring olsin», deb jazo yuborgan ekan, insha Olloh, shunday boʻlaveradi. Agarchi, millatimizning ozodligi, dinimizning pokligi yoʻlida joningiz qurbon boʻlsa, toʻgʻri jannatga ravona boʻlasiz. Shahid ketganlarning u dunyodagi hayoti boqiydir va rohat bilan oʻtadir. Agar oʻlim taqdirga yozilmagan boʻlsa, qirq yil qirgʻindan ham omon chiqasiz. Taqdirdagi oʻlim muddati kelgan boʻlsa, uyingizda ham oʻlaberasiz. Shuning uchun barchangiz Olloh-taoloning nomini dilga jo qilib, umrlaringizga baraka soʻrangiz. Chunki «Hech bir jon Ollohning iznisiz va yozugʻda belgilangan muhlatga yetmasdan oʻlmaydi». Insha Olloh, oʻlim yomgʻirining barchasi gʻanimlar ustiga yogʻilgay. Vai’zamiz soʻnggida yana Olloh taborak va taolo marhamat qilgan oyatlardan birini zikr etaylik. Robbimiz deydiki, asta’izubillahi: «Ya ayyuhallaziyna omanu sabiru va sobiru va robitu vattaqulloha la’lakum tuflixuun». Sadoqollohulaziym. Ya’nikim, ey iymon keltirganlar, sabr qilingiz va sabr toqat qilishda kofirlardan ustun boʻlingiz hamda doimo kurash, ya’ni jihod uchun belingiz bogʻliq holda hozir boʻlib turingiz. Va Ollohdan qoʻrqingizkim, shunda shoyad najot topgaysiz». Ollohning amriga itoat etmoqlik va najot topmoqlik barchamizga nasib aylasin. Qani, omin, gʻalabayor islom lashkarini Tangrining oʻzi qoʻllasin! Dushmanga xorlik, doʻstga farogʻat ato etsin! Ollohu akbar!

Sabohiddinning va’izasi odamlarni goʻyo sehrlab qoʻygan edi. Norxoʻja buni sezdi. Sezdi-yu, «Bu mulla balo ekan, hali koʻp karomat koʻrsatadi», deb qoʻydi.

* * *

Togʻlarga qish erta keladi. Norxoʻja ketgan kundan uch kecha-kunduz oʻtgach, qor tushdi. Ammo peshinga qolmay erib ketdi. Oʻsha damda Sabohiddinni bazmlarni qizitib yurguvchi Asqar choʻtir yoʻqlab keldi.
— Taqsir, malol kelmasa, oʻtovimizga birrov kirsangiz, deb kelib edim. Sojidaning aytadigan gapi bor ekan.
— Uning soʻzlarini eshitadigan quloq yoʻq.
— Bechora oʻsha kundan beri oʻnglanmayapti. Koʻzim ochiqligida bir sirni aytib ketay, deyapti. Bu sirdan bexabar qolsangiz, uvol boʻlishingiz mumkin ekan.

Sabohiddin Sojidaning kaltaklanganini koʻrmagan boʻlsa-da, odamlardan eshitgan, «oʻzi Xudo uradigan edi», deb e’tibor qilmagandi.
— Azbaroyi xudo, buni hiyla deb oʻylamang, taqsir.

Sabohiddin choponini kiyib unga ergashdi. Oʻtovga yaqinlashgach, choʻtir sekin yoʻtalib qoʻydi-da, ichkariga kirib ketdi. Dam oʻtmay qaytib chiqib: «Kiraverar ekansiz», dedi. Oʻtovning bir chekkasiga toʻshalgan oʻrinda Sojida harakatsiz yotardi. Nimqorongʻida uning rangi oʻlikka oʻxshab ketgan edi.
— Chiqib turinglar, — dedi Sojida choʻtir bilan buqoqqa. Uning ovozi siniq, soʻzlar uzilib-uzilib chiqardi. Xoli qolishgach, Sojida yana gapira boshladi:— Mullaka, beriroq oʻtiring. Xudo omonatini soʻrayapti shekilli. Umrim oxirida bir savob ish qilay, rozi-rizoligingizni olay, deb sizni ayttirdim. Jahlingiz chiqmasin. Har qalay begona emassiz. Peshonamga shunday ishlar yozilgan ekan, nima qilay? Keyingi erim tirik boʻlganda, balki... — uning soʻzi ichida qoldi. Badanida ogʻriq turib ingradi, keyin «Suv bering», deb pichirladi. Sabohiddin piyoladagi suvni tutdi. — Ilohi bu dunyoda kam boʻlmang...
— Menga qanday sirni ochmoqchi edingiz?
— Qori akaning oʻlimlarida aybim yoʻq. Choyni menga uying kuygur imom-domlangizning oʻzi damlab bergan edi.

Sabohiddin seskanib ketdi.
— Sultonmurod akami?
— Ha, oʻzingizning taqsiringiz. Siz hali koʻp gaplardan bexabarsiz. Ehtiyot boʻling. Ilondan qoʻrqmasangiz-qoʻrqmang, ammo bulardan hayiqing. Agar kerak boʻlmay qolsangiz, sizni ham qoriga oʻxshab...
— Ochmoqchi boʻlgan siringiz shumi?
— Ha, shu, sizdan faqat bir oʻtinchim bor?
— Ayting.
— Mening kunim bitganga oʻxshaydi. Tashqarida turgan ikki kishini taniysiz-a? Shularni tezroq bu yerdan chiqarib yuboring.
— Nimaga?
— Bizni bu yerga akangiz yuborgan edilar.
— Akam?
— Ha, bazmlarni qizitgan boʻlib, shoʻrolarga ma’lumot yigʻib berishadi. Xudo xayringizni bersin, ularning ketishiga yordam qiling.
— Norxoʻja oʻrniga Ahmad devni tashlab ketgan. Unga aytib koʻraman.

Sojida bu gapni eshitib, ayanch bilan jilmaydi.
— Devdan marhamat kutguncha kofirdan imon kuting.
— Xotirjam boʻling, uchovlaringizni kuzatib qoʻyaman. — Sabohiddin shunday deb oʻrnidan turdi.
— Mullaka, yana bir gapni aytib ketay: men akangiz oldida pokiza edim. Otga vaqtida yem tashlamaganim uchun achchiq ustida taloq qilgan edilar. Ot desa hamma narsadan kechadigan boʻlib qolgan edilar, eslaysizmi? Keyin boʻzaxoʻrlikka ham mayl qoʻydilar. Taloq xatimni berganlaridan keyin, meni buzuqqa chiqarib, oʻzlarini oqlamoqchi boʻldilar. Ishonmasangiz oʻzlaridan soʻrang. Umrim qisqa boʻlmaganida sirni oʻzim bilan olib ketardim. Yana orqamdan yomon oʻylar bilan yodlamang, deb aytdim. Rozi boʻling... Men sizlardan — roziman...

Sojida keyingi gaplarni yigʻlamsirab aytdi. Sabohiddin nima deyishini bilmay tashqariga chiqdi.
— Taqsir, — dedi buqoq uning yoʻlini toʻsib, — biz ketadigan boʻlsak, oʻzimizni eplaymiz, omma bu juvonga qiyin. Oʻris tabiblar koʻrmasa, nobud boʻladi. Shu bugunoq joʻnatishning imkonini toping.
— Yaxshi, tayyor turinglar.

Sabohiddin shunday deb toʻgʻri oq oʻtov tomonga yurdi. Norxoʻja ketgandan keyin Ahmad dev shu yerni egallab olgan, Sabohiddin kirganda u boʻzaning kuchidan mast boʻlib oʻtirgan edi.
— Ha, mulla yigit, kelsinlar, — dedi u joyidan jilmay.
— Hozir yallachilarning oʻtoviga kirgan edim.
— Xoʻsh!
— Sojidaning joni halqumiga kelib qolibdi...
— Men nima qilay, jonini qaytaraymi? — Dev boʻza quyib simirdi-da, oyoqlarini uzatib yonboshladi.
— Agar omonatini topshirsa, kim gʻassol boʻladi?
— Siz! — Ahmad dev shunday deb xaxolab kuldi. Keyin xiqichoq tutib kulgidan toʻxtadi.
— Uni uyiga joʻnatish kerak.
— Mumkin emas, qoʻrboshi qaytguncha qumursqa ham joyidan jilmaydi. Siz ham, mulla, — Ahmad dev keyingi soʻzlarni gʻudranib aytdi-da, boshini yostiqqa qoʻydi. Sabohiddin endi turaman deganda u: «Shilpiq!» deb baqirdi.

Oʻtov ogʻzida soqchilik qilib turuvchi toʻladan kelgan xunuk odam ichkariga moʻraladi. Devning uxlab qolganini koʻrib, Sabohiddinga savol nazari bilan qaradi.
— Nimaga chaqirdilar? Boʻza keltiraymi?
— Arava tayyorlab, anavi yallachilarni yoʻlga solib yuborar ekansiz.
— Ie, koʻngilxushlik nima boʻladi?
— Birodarlarimizning qoni toʻkilayotgan mahalda koʻngilxushligingiz nimasi?
— Uzr, taqsir, tilimdan bexos uchdi.

Shilpiq odam beoʻxshov ta’zim qilib chiqdi. Sabohiddin xayoliga kelgan bexos fikrdan mamnun boʻlib oʻtoviga qarab ketdi.

Ertasiga koʻzlari qizargan Ahmad devning oʻzi uning oʻtoviga kirib keldi.
— Bu qanaqasi boʻldi, mulla yigit? Yallachilarni nimaga qoʻyib yubordingiz?
— Menmi?
— Ha, siz! Shilpiq!
— Labbay begim.
— Shu odam aytdimi?
— Ha.
— Eshitdingizmi?
— Boʻzaxoʻrlik eplagan odamga yarashadi. Agar xushingizdan ayrilgan boʻlsangiz, qoʻrboshi kelganda ma’lum qilib qoʻyay. «Ayting, bajarsin», deb uni chaqirgan oʻzingiz-ku? Sizni men chaqirdimmi, yo bu kishimi?
— Begim oʻzingiz chaqirdingiz.

Shilpiq shunday deyishi bilan Ahmad dev uning yuziga shapati tortib yubordi. Keyin soʻkindi-da, chiqib ketdi.

Oʻsha kuni shomga yaqin qor yogʻa boshladi. Daraxtlarning za’faron barglari goʻyo kaft yoyib, qorlarni tutib olardi. Lekin allaqachon jon tomiridan uzilgan bu barglarga qor uzoq qoʻnib turmaydi. Ularni titratib pastga sirgʻalib tushadi. «Qor yerning gʻuborini berkitmoqchi boʻladi. Odamlar esa turli bahonalar bilan gunohlarini yashirmoqqa intiladilar. Ammo qor erib, yerning qora yuzi koʻringani kabi haqiqat quyoshining chehrasi ochilganda, ularning gunohlari ayon boʻladi-ku! Nima uchun buni oʻylamas ekanlar? Mana shu Ahmad dev gunohlari oshkor etilgach, odamlarning yuziga qanday qarar ekan?»

Sabohiddin birinchi qorni shu xayollar bilan kutib oldi.

Oradan kunlar oʻtaverdi.

Norxoʻjadan yarim oy darak boʻlmadi. Ahmad dev yigitlarni olib ikki marta pastdagi qishloqlardan oziq-ovqat gʻamlab keldi. Qor tizza boʻyi boʻlganda Norxoʻja beklarini olib qaytdi. Lashkarlarning yarmidan koʻpi yoʻqligi, qoʻrboshining kirtaygan koʻzlari, ma’yus chehrasi ularning magʻlub qaytayotganini oshkor qilib turar, hol-ahvol surishtirish ortiqcha edi. Zero, Sabohiddin bunga ehtiyoj sezmadi. U Sojida aytgan soʻzlardan soʻng Norxoʻjaning maqsadi haqida koʻp bosh qotirdi. Norxoʻja nima maqsadda uni ushlab turibdi? Qorini nima uchun avval uylantirib, keyin oʻldirdi? Gunohni singlisiga agʻdarish, keyin qizga shafqat koʻrsatib, evaziga Sabohiddinni burunduqlash uchunmi? Bunchalik xatti-harakatning boisi nima? Norxoʻja uni faqat va’z ayttirish uchun ushlab turgani yoʻqdir?

Sabohiddin ertami-kechmi Norxoʻja maqsadini ayon qilajagini bilar, shu sababli uning qaytishini sabrsizlik bilan kutardi. Ibodatlarida Xudoga nola qilib, akasining gunohlarini soʻrardi. Chunki uning taxminicha, akasi bu paytda Namanganda ham boʻlishi mumkin edi.

Norxoʻjaning huzuriga Sabohiddin hol soʻragani emas, majbur boʻlgani uchun kirdi. Qoʻrboshining gapirishga ham hushi yoʻq edi. Sabohiddin undan faqatgina: «Sihatingiz yaxshimi?» deb soʻradi.
— Alhamdulilloh, — dedi Norxoʻja. Keyin jim qoldi. Dam oʻtmay Sabohiddinga qarab soʻz boshladi:— Tangri bizning duolarimizni inobatga olmadi. Namanganni bizga ravo koʻrmadi. Shaharga kirolmadik.
— Xudo xohlasa...
— Yoʻq, Xudo xohlamaydi. Toʻrangizning qilayotgan ishlari toat-ibodatlarimizni yelga sovuryapti.
— Nimaga, taqsir?
— U oʻrislar bilan til biriktirgan.
— Shoʻrolar bilanmi?
— Yoʻq, oqposhshoning odamlari bilan. Ertaga qoʻylar soʻyib, xayri-xudoyi qilamiz. Shuncha balo-qazodan asragan egamga ming qatla shukr. — Norxoʻjaning bu soʻzlari «gap tamom» degani edi. Sabohiddin buni sezsa ham oʻrnidan jilmadi.
— Menga gapingiz bormi? — deb soʻradi qoʻrboshi uning qimirlamayotganini koʻrib.
— Ha, taqsir, bir narsaga fikrim ojizlik qilib qoldi.
— Nimaga?
— Qarorgohingizga kelganimdan beri qirq kun oʻtdi. Ammo bu yerda boʻlishimning boisini bilolmay garangman.
— Garangsiramang. Oʻz ishingiz bilan mashgʻulsiz-ku?
— Men bu yoqlarga jihod istab kelib edim. Siz esa... meni faqat toat-ibodat va va’z uchun ushlab turmagandirsiz?

Norxoʻja Sabohiddinning niyatini angladi. Bir oz oʻyga toldi.
— Siz aytgan va’zdan soʻng lashkarlarning bir kuchiga oʻn kuch qoʻshiladi. Sizning jihodingiz shu. Buni fahmlashingiz kerak edi. Qolganini bizlarga qoʻyib bering. Sizga ijozat.

Sabohiddin ta’zim qilib chiqib ketishga chogʻlandi.
— Toʻxtang, oʻtira turing, — Norxoʻja shunday deb oʻrnidan turdi-da, tashqariga chiqdi. Soqchiga «Hech kim oʻtovning yaqiniga yoʻlamasin», deb buyurib ichkariga qaytdi. — Mening bir rejam bor edi. Namanganni olgan taqdirimda bu rejamdan voz kechardim. Endi uni amalga oshirishga majburman. Bu ishni siz boshlab berasiz... Togʻlarga chiqib kelganimga ikki yil boʻlyapti. Hali unga-hali bunga qoʻshilib yurish halqumimga keldi. Bir yoqda Muhiddin, bir yoqda Shermat, yana bir yoqda Ergash, Hamdam, Ismonqul... E, sanogʻi yoʻq bu qizigʻarlarning. Biri birining oʻlimini poylaydi. Ularning boshini birlashtirishning birgina yoʻli bor. Fargʻonada mahdi paydo boʻlishi kerak.
— Mahdi?
— Ha, mahdi. Qoʻrboshilar amiralmusliminga zohiran boʻyin egsalar-da, botinan koʻrarga koʻzlari yoʻq. Hali Fargʻona gʻayridinlardan tozalanmay turib taxt talashishadi. Mahdi paydo boʻlsa, ular majburan boʻyin egadilar. Chunki lashkarlar endi mahdining etagini tutadilar... Reja ma’qulmi?
— Ma’qullikka ma’qul... Ammo mahdini Tangrining oʻzi yuboradi. Biz uni chorlaganimiz bilan Ollohning istagi...
— Oʻz amrini bajarayotgan lashkarlardan Olloh marhamatini ayaydi, deb sizga kim aytdi? Goʻl boʻlmang, mulla. Gʻanimni magʻlub etish uchun hiyla ham ishlatish kerak. Hiyla yolgʻonsiz oʻtmaydi. Gʻalaba bizga yor boʻlgach, Olloh gunohlarimizdan kechadi. Siz ertagayoq qishlogʻingizga qaytasiz. Masjidda tuxum bosib oʻtirmay, qishloqma-qishloq yurib va’z ayting. Musulmonlarni jihodga chorlang. Ora-sira bir tush koʻrganingizni, Xudo xohlasa, yurtimizga mahdi kelajagini ayting. Bahorga qadar qiladigan ishingiz shu. Aqlli kishining tili hadeb tish hatlamaydi. Siz aqlli odamsiz.
— Demak, qoʻrboshilardan biri maxdi1, deb e’lon qilinadimi?
— Ha.
— Kim?
— Bu yolgʻiz Ollohning oʻzigagina ma’lum.

Garchi Norxoʻja shunday deb maqsadini yashirgan boʻlsa-da, Sabohiddin boʻlajak mahdining kim ekanligini angladi.

Sabohiddin Xoliqberdi toʻra bilan birinchi uchrashuvdayoq ochiq fikrlasha olgan edi. Norxoʻja bilan ancha fursatdan buyon birga boʻlsa-da, u bilan erkin suhbatlashishga jur’at etolmasdi. Qoʻrboshining andak qoʻpol muomalasi, choʻrtkesarligi Sabohiddinni cheklab qoʻygan edi. Bu safar ham qoʻrboshining orzusi ahmaqona ekanini bilsa-da, «tushuntirishga urinish befoyda», degan oʻyda tilini tiydi.

Qoʻrboshi huzuridan chiqqach ham uning rejasini oʻylab, boshi qotdi: «Nobop odam, deb yursam, qip-qizil telbaga oʻxshaydi-ku? Bu fikrni unga kim berdi ekan? Har holda qori domlamdan bunaqa bema’ni maslahat chiqmasdi. Kurakda turmaydigan bu aqlni Sultonmurod domlamiz oʻrgatgandirlar. Mahdilik gʻoyasi shia mazhabida tugʻilganini mendan boshqalar ham bilar. Men da’vat etsam, qoʻrboshiga qoʻshib meni ham telbaga chiqarishmasmikin? Tarixda Sayyid Ali Muhammad degan zotning oʻzini mahdi, deb e’lon qilgani, oqibat Eron shoxi tomonidan Tabrizda qatl etilganini aytsam, qulogʻiga olarmikin? Yoʻq, bu gapni eshitib, fikr qilgʻuvchilardan emas bu odam. Oʻrtada men isnodga qoladiganga oʻxshayman...»

Ertasiga u qishloqqa qaytdi.

Uyda akasini koʻrib, Xudoga shukr, deb qoʻydi. Jamoliddin u bilan sovuqroq koʻrishdi. Mashhura bilan onasi boshqa uyga chiqishgach, aka-uka yolgʻiz qoldi.
— Norxoʻja nima uchun meni qoʻyib yubordi? — dedi Jamoliddin tik turganicha.
— Aka, besabr boʻlmang, oʻtiring, bafurja gaplashaylik.
— Faqat iltimos qilganingni aytma. Qoʻrboshining boshqa niyati boʻlishi kerak.
— Men ularning rejasini tuzuk anglay olmadim. Ammo boʻlak rejasi borligini yuragim sezib turibdi.
— Durust... Mashhurani nima uchun kuyovga berding?
— Axir...
— Hech kim bilmaydi, deb oʻyladingmi?
— Majbur edim. Qoʻlimdan nima kelardi? — Sabohiddin boʻlgan voqealarni birma-bir aytib berdi. Biroq, qotillikda qoʻrboshi bilan Sultonmurodning qoʻli borligini yashirdi.
— Qoʻrqoq, boshingga roʻmol oʻrab yur endi!
— Aka, unday demang, men faqat... Xudodan qoʻrqaman.
— Ha, ana endi oʻzingga kelding. «Xudodan qoʻrqasan!» Xudoning sevimli bandalari esa or-nomusingni istagancha ermak qiladi. Sen chidaysan. Chidashga majbursan. Chunki tepangda Xudo bor. Xudoning qiladigan ishi yoʻq. Nigohini faqat senga tikib olgan. Har qadamingni oʻlchaydi.
— Aka, hammamiz musulmon farzandlarimiz, u qadar yomon gaplarni aytmang.
— Shakkoklik qilmang, degin... Qaytishingda Norxoʻjani koʻrdingmi?
— Koʻrdim.
— Qancha askar bilan qaytdi?
— Bilmayman, bunday gaplarni mendan soʻramang. Bilgan taqdirimda ham aytmas edim. Men aygʻoqchi emasman.
— U holda sen bilan gaplashib oʻtirmasam ham boʻladi.

Sabohiddin boshini egdi-yu, «Akam shashtidan tushib qolar», degan umidda sukut saqladi. Jamoliddin ham hozirgi ahdida qat’iy qolib, gapirmadi. Shunda Sabohiddin boshini koʻtarib akasiga qaradi-da, ma’yuslik bilan soʻz boshladi:
— Aka, sizga aql oʻrgatishga haqqim yoʻqdir... Lekin bir gapni aytish men uchun farz: Olloh sizga hidoyat bersin, iymonga qayting.
— Bekorchi gaplarni gapirib, boshimni ogʻritma,— dedi Jamoliddin keskin tarzda.
— Aka, — bu safar Sabohiddin oʻzi kutmagan holda yigʻlamsiradi, — iymonga qayting..
— Bas qil, dedim...
— Iymonga qayting, aka, oxiratingizni kuydirmang. Bir onadan tugʻilib, u dunyoda ayri-ayri boʻlmaylik.

Jamoliddin «Rostdan yigʻlayaptimi yo xiyla qilyaptimi?» degan oʻyda ukasiga tikildi. Keyin avvalgidan sal yumshoqroq ohangda:
— Men toʻgʻri yoʻlimni tanlaganman. Biz quradigan jamiyatda Xudo degan gap boʻlmaydi, — dedi.
— Aka, Xudosiz jamiyat yashay olmaydi, — dedi Sabohiddin.
— Shunday yashasinki, oʻzing qoyil qolgin. Hali koʻrib turasan. Bu boshi buzuq bosmachilarni tinchitib olaylik, keyin senga oʻxshaganlar bilan ham shugʻullanamiz. sen menga aql oʻrgatmaginu oʻsha payt kelgunicha esingni yigʻib ol, bola.

Bu gaplardan soʻng Sabohiddin jim boʻldi-yu, dardini ichiga yutdi.

Kechasi sandalning ikki tomonini egallagan aka-uka goʻyo daryoning ikki sohilida qaltirab yotganday edilar. Sandalning oʻtxonasidagi choʻgʻ ularni goʻyo isitmas, oyoqlar goʻyo daryoning muzlay boshlagan suvida zirillayotganday edi.

Sabohiddin tongga qadar Xudodan akasiga hidoyat tiladi.

Jamoliddin ukasini qanday qilib toʻgʻri yoʻlga solish mumkinligini oʻyladi...

Jamoliddin ertasiga ketdi. Qaytar mahali ukasiga: «Qishloqdan jila koʻrma», deb tayinladi. Boshqa soʻz aytmadi...

Oʻrta Vagon

Rhaq harakatsiz yotgan Devonaga qarab turib qoldi.

Yerliklar orasida olchoq, mal’un odamlar borligini u avvalgi safari chogʻida aytarli sezmagan ekan. Rhaq odamlarning qalb gʻalayonlarini, qaygʻularini vujudlarida yashira olishlarini bilganda ularga nisbatan boʻlgan mehri yanada ortgan edi. Sabohiddin xotirasida uygʻonayotgan voqealar, shuningdek, unda-bunda uchraydigan hiylagarlar uning ruhini choʻktirdi. Oralarida bunday makkorning borligiga odamlar koʻnikib qolganlar. Hamisha ulardan ehtiyot boʻlishga urinadilar, hatto botiniy tahlikada ham yashaydilar. Nima uchundir hiyla sohiblarini, qalban parokanda odamlarni fosh qilishga jur’at etolmaydilar. Axir hayot shunday davom etaversa, bunday mal’unlarning safi kengayaveradi-ku. Ular turli koʻrinishlarda ildiz otib, oxir-oqibat sayyorani halokat yoqasiga olib kelmaydilarmi? Ilgari amir yomon edi. Boy, bosmachi yomon edi. Qancha qon toʻkib, ularni mahv etdilar. Odamlar nima uchun yomonlarga befarqlar? Agar Rhaq bularni ilgariroq fahmlab, kundaligida zikr etgan taqdirda, Luknning qarashlari toʻla ma’qul etilib, Yer xususidagi bahsga oʻrin qolmagan boʻlardi.

Rhaq oʻzini oʻzi savolga koʻmib, yana javob izlardi. Javobni unga Asqarali, Dilmurod, Aqida, Rhaq hali oʻzi koʻrmagan Asqaralining oʻgʻli bilan professor Razzoqov berardi. Rhaq uzoqni koʻra bilish xususiyati bilan ularning kelajagiga ishonardi...
— Shopoʻlat akamiz hali ham uxlayaptilarmi? — eshikdan kirib kelgan Dilmurod shunday deb Rhaq-Mirzavoyning xayolini toʻzitib yubordi. Keyin toʻgʻri ichkari kirdi-da, Devonaning bilak tomirini ushladi. — Qani, Shopoʻlat aka, turing endi, yotaverib belingiz qotib ketgandir.

Devona yarq etib koʻzlarini ochdi. Dilmurodni birinchi koʻrayotgandek unga boshdan-oyoq razm soldi. Keyin qaddini asta tikladi. Charm qoplangan taxta soʻrida, oyogʻini osiltirib oʻtirdi. Soʻng eski kalishini kiydi-da, horgʻin bir ahvolda uydan chiqdi. Deraza oldida turgan Rhaqqa ham burgut qarash qildi-da, koʻcha eshigi tomon yurdi.
— Sezyapsizmi? — dedi Dilmurod quvnoq bir ohangda. — Yana ikki marta muolaja qilsak, esini yigʻib oladi. Endi bunga toʻla aminman.
— Keyin-chi?
— Nima keyin? — Dilmurod Rhaqqa hayron boʻlib qaradi. — Odamlarga qoʻshilib yashayveradi. Balki uy-joy qilar...
— Uning jinni boʻlganini qishloqdagilar unutadi deb oʻylaysizmi?

Dilmurod xayolga toldi.

Rais shifoxonada Saboxon qiladigan ish yoʻq ekan, deb uni idoraga oldi. Idorada ish koʻpmidi, yo oʻzining kelgisi kelmadimi, har holda Saboxon shifoxonaga yoʻlamay qoʻydi. Dilmurod bunga e’tibor bermadi. Rhaq Saboxonning nima uchun kelmay qoʻyganini bilsa ham, oʻzini bilmaganga olib yuraverdi. Bu orada Dilmurod raisning buyrugʻi bilan toqqa, choʻponlar oldiga chiqib ketdi. Ertasi kuni, kutilmaganda, shifoxonaga Saboxon kirib keldi. Rhaq uni iliq qarshilab, oʻtirishga taklif qildi.
— Yoʻq, rahmat, tezda qaytishim kerak, — dedi Saboxon bir oz gapidan tutilib.
— Olovga kelgan ekansiz-da?
— Sizni rais chaqiryapti.
— Hozir boraymi?
— Ha, kutib oʻtirishibdi.

Rhaq Saboxon bilan koʻchaga chiqdi. Uning gaplariga juvon ba’zan javob qilmas, ba’zan «ha» yoki «yoʻq» deb qoʻya qolardi. Rhaq bundan ajablandi.

Raisning xonasida oʻtirgan yigitni darrov tanidi. U bilan ikki oy burun rayon markazida tasodifan koʻrishgan edi. Viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasida ishlovchi bu yigit Dilmurodning kursdoshi ekan. Dilmurodga aytganda, u qoʻl siltab qoʻya qolgan edi. Dilmurod uni xush koʻrmas, har narsadan hadiksirovchi, oʻzini chetga olib yuruvchi, «sen menga tegma, men senga» qabilidagi hayotni afzal biluvchi bu yigitdan hatto nafratlanar ekan. Anvar shaharda hammavaqt tramvayning ikkinchi vagonida yurarkan. Birinchisi bilan uchinchisi izdan chiqishi mumkin, oʻrtadagisi xavfsiz, deb hisoblarkan...
— Salom Don Juan, ahvol qalay? — dedi Anvar sovuqroq ohangda.

Rhaq bu gapni eshitib gʻijinsa ham sir boy bermadi.
— Endi maqsadga koʻchsak ham boʻladi, — dedi Anvar rasmiy tarzda.
— Avval bir piyola choy... — dedi rais.
— Choyni keyin, bafurja icharmiz. Xoʻsh... — Anvar baqaloq portfelidan qogʻoz chiqardi. — Bizga bir xat tushdi. Shuni aniqlagani kelganman. — U qogʻozni raisga uzatdi. — Siz yuborganmisiz?

Rais qogʻozga astoydil qaradi.
— Shtampasi bizdi kolxozniki, — dedi. Soʻng hij oʻqiy boshladi. Mirzavoyning Saboxon bilan «oshiq-ma’shuqligi», juvonning shifoxonadan ketib qolishi haqidagi jumlani oʻqib boʻlgach, Anvarga savol nazari bilan qaradi.
— Mehmon buni qaydan oldingiz? Toza gʻiybat qilibdi-ku? Saboxonni oʻzimiz chaqirib olganmiz. Ana, oʻzidan soʻraymiz.
— Oxirigacha oʻqing.

Rais «xoʻp», deb xatni oxirigacha oʻqib chiqdi.
— Yoʻ-oʻq, — dedi u xatni qaytarib berar ekan.— Buni men yozmaganman. Qoʻl meniki emas. Men yuboradigan xatlarimga yumaloq muhr bosaman. Buning muhri ham yoʻq. Birov nomimni sotibdi.
— Shtamp-chi?
— Shtampa — hisob emas. Yumaloq muhr hisob.
— Xatdagi gaplar toʻgʻrimi?
— Toʻgʻri ham deyolmayman, notoʻgʻri ham. Doʻxtirimizning chakki qadam qoʻyganini shu topgacha eshitganim yoʻq.
— Soʻqqabosh ekanlar. Siz eshitmagan boʻlsangiz...
— Men eshitmagan boʻlsam, demak, doʻxtirimiz suyuqlik qilmagan. Xatingizga qaraganda, ular oshiq-moshiq emish. Be, qishloqda shundoq yurib boʻladimi? Siz bir qizga uchta gap aytaman deb, ogʻiz juftlang, bir soʻzingizni tugatmay nima deganingiz qishloqqa ma’lum boʻladi. Oʻynash tutish katta shaharda yarashadi. Bu yerda har qadamingiz oʻlchogʻlik. Agar tekshirgani kelgan boʻlsangiz, Saboning oʻzidan soʻrang, qoʻying. Gap qishloqqa yoyilmasin. Yolgʻon gapni chinga aylantirib yuboradiganlar bor. Saboxon! — rais shunday deb oʻtirgan yeridan baqirib chaqirdi. — Baqqa bir qarang.

Saboxon kirdi. Anvar unga xatni uzatdi. Saboxonning rangi boʻzardi. Rhaq xat ushlagan barmoqlarning qaltiraganini sezdi. Saboxon xatga tikilib turar, ammo oʻqimasdi. Rhaq buni ham payqadi. Rais bilan Anvarga qaradi: Mamarayim charm kreslosiga yastanib oʻtiribdi. Anvar stol ustidagi kitobchani varaqlayapti...

Saboxon xatni uzatdi.
— Hammasini oʻqidingizmi? — deb soʻradi Anvar.
— Ha.
— Gaplar rostmi?
— Yoʻq.
— Buni kim yozgan boʻlishi mumkin?
— Nevlay?
— Shtamp sizda turadimi?
— Yoʻq, raisda.
— Unda...
— Shtampa menda turadi, mehmon. Men besh-oʻn varaq qogʻozga urib beraman. Vaqt-bemahalda men yoʻgʻimda ispropkaga kerak boʻlib qoladi. Bu qogʻozlar stol ustida turadi. Bitta-yarimta olgandir-da. Endi, Saboxon, qogʻozlarni berkitib yuring. Odamlarga ishonib ham boʻlmaydi.
— Endi nima qilamiz? — dedi Anvar, raisning soʻzini shart boʻlib.
— Nima qilardingiz? Tuhmat ekan, deb borasiz. Doʻxtirimiz yaxshi ishlayaptilar.
— Shu gaplaringizni yozib berolmaysizmi?
— Kerak boʻlsa, xat ham qilamiz. Saboxon, yozib turing, biz choy-poy ichib olaylik.

Tamaddidan soʻng Anvarning istagi bilan shifoxonaga borishdi. Shamol xazonlarni gala-gala qilib uchirib yurardi. Eshiklarning lang ochiqligini koʻrib, Rhaq hayron boʻldi. Shoshib ichkariga kirdi: TETning gʻilofi ochilgan, simlar esa uzilib yotardi. Rhaq bu manzarani koʻrib, ostonada qotib qoldi. Soʻng TETga yaqinlashib, sinchiklab kuzatdi.
— Nima bu? — dedi Anvar ichkariga kirib.
— Dilmurodning asboblari.
— TETmi?
— Eshitganmisiz?
— Ha. Ozgina ishlab dushman orttirib olganga oʻxshaysizlar.
— Bu dushmanning ishi emas. Dushman boʻlganda faqat simlarni uzmay, TETni pachaqlab tashlardi. Qolaversa, dushman sizga emas, boshqa yerga, boʻlak mazmunda xat yozardi.
— Bular doʻstning ishi ekan-da?
— Yoʻq, doʻst emas. Ammo dushman ham emas.
— Men xatni yozgan odamni aniqlab ketsam boʻlardi.
— Qishloqda gap koʻpayadi. Eng muhimini aniqladingiz-ku, boʻlar.

Anvar uzoq turmadi. Yuk mashinasiga oʻtirib, iziga qaytdi.

Rhaq boʻlib oʻtgan voqeadan taajjubga tushib qolgan edi. Saboxonning fikrini oʻqiy olgani bilan, uning harakatlariga tushunib yeta olmadi.

Buning ustiga TET... Bu Sabohiddinning ishi. Xotiralari tiklanyapti. Vujudida gʻalayon uygʻonyati. Endi oʻylab ish yuritish kerak. Buni Rhaq Dilmurodga qanday tushuntiradi?

TETning uzilgan simlarini sozlash uchun oʻtirganda eshik oldida Saboxon koʻrindi. Rhaq: «Keling», deb qoʻyib oʻz ishi bilan mashgʻul boʻldi. Saboxon ichkariga bir qadam qoʻyganicha turaverdi. «Kiring, oʻtiring», dedi Rhaq unga bir qarab olib.
— Yoʻq, ketaman, — dedi Saboxon. Rhaq indamadi.— Sizga bir gap aytmoqchiydim.
— Nima demoqchiligingizni bilaman.
— Bilmaysiz.
— Nimaga endi, bilaman, — Rhaq oʻrnidan turib, Saboxonga yaqin keldi. — Xatni siz yozgansiz.
— Yoʻq.
— Siz aytib turgansiz, boshqa odam yozgan. Har holda xatning mazmuni sizga tanish edi. Qoʻlingiz titrashidan sezganman. Uni tuzukroq oʻqimadingiz ham, toʻgʻrimi?

Saboxon qoʻllari bilan yuzini toʻsib oldi. Teskari qaradi. Yelkalari silkindi.
— Nimaga yigʻlayapsiz?
— Siz hech narsani bilmaysiz! — dedi Saboxon shasht bilan oʻgirilib. Koʻz yoshi yonogʻida iz qoldirib pastga tomdi. — Nima uchun shunday qilganimni bilasizmi?
— Balki rais...
— Rais! Yoʻq. Oʻzim qildim bu ishni.
— Saboxon, oʻzingizni bosing. Aybim boʻlsa, yuzimga ayting.
— Ayb? Yoʻq, siz begunoh farishtasiz. Siz... siz... hech nimani sezmaysiz!
— Nimani sezishim kerak?

Rhaq Saboxonning yosh toʻla koʻzlariga qarab, yuragi oʻrtanib ketdi. Voqea endi oydinlasha boshlagan edi. Darvoqe, u Saboxonning sirli qarashlarini sezardi. Lekin bu qarashlarga qanday javob berishni, oʻzini qanday tutishni bilmasdi.
— Axir, sizni keting, deb shu ishlarni qildim.
— «Keting» deb?
— Ha... Meni... qiynamang, keting bu yerdan!

Saboxon shunday deb hoʻngrab yubordi. Boshini Rhaqning yelkasiga qoʻydi.

Kutilmaganda Rhaqning bagʻriga iliqlik yugurdi. Juvonning iliq nafasi yelkasini kuydirganday boʻldi. Vujudida gʻalati his uygʻondi. Gʻalati his... Esladi! Xotini bilan ilk bor qovushganda shu holga tushgan edi. Ajab!!! Genetik kod asosida yerlik qiyofasiga kiradigan tanglik bunday hislardan mahrum etilar edi-ku? Qaerdan keldi bu his? Juvon uning yelkasiga bosh qoʻyib turibdi... Rhaq esa savoliga javob topa olmaydi. Aksincha, badani qizib, maylini yangidan uygʻongan hislarga topshira boshlaganini oʻzi ham sezmay qoldi; juvonni mahkam quchoqlab, oʻpa ketdi. Saboxon qarshilik koʻrsatmay yigʻlar, Rhaq esa oʻzini tamom unutib, juvonni bagʻriga tobora qattiqroq bosardi. Qoʻllari bejo harakat qila boshlagach, Saboxon uni itarib yubordi. Shundagina Rhaq oʻziga kelib, hansiragancha unga tikilib qoldi.
— Saboxon...
— Yoʻq! Yaqinlashmang! Siz... yomon odam ekansiz...
— Saboxon!
— Nomusdan oʻldirasiz meni...
— Saboxon, axir oʻzingiz...
— Oʻzim... oʻzim ahmoqman... Bu yerdan keting, oʻtinaman. Boʻlmasa... men ketay. Sizni koʻrsam... meni gunohga qoʻymang. Endi sizga ishonmayman. Sizdan qoʻrqaman.

Saboxon shunday deb chiqib ketdi.

Rhaq: «E, ahmoq kalla!» deb oʻzini oʻzi koyigancha, yuragi siqilib oʻtirdi. Endi u hamisha ehtiyot boʻlib yurgan dardga chalinganiga — yerliklar tuygʻusi vujudiga butunlay singganiga amin edi.

Rhaq oʻzini ovutish uchun uzilgan simlarni uladi. Oqshomga yaqin Dilmurod qaytdi. Uning iltimosi bilan Devonani topib keldi.

Devona charm qoplangan taxta soʻriga itoatkorlik bilan yotdi. Ammo muolaja yarimlaganda titray boshladi. Dilmurod buni sezib asbobni oʻchirdi. Devona shu zahotiyoq oʻrnidan turib ketdi.
— Qonxoʻr! — deb baqirdi u bor ovozi bilan. — Oʻldiraman! — u atrofiga alanglab bir narsa izladi.— Oʻldiraman! — deb baqirdi yana. Rhaq vaziyatni tushunib, unga koʻzlarini qadadi-da, fikran buyruq berdi. Devona yuzini kaftlari bilan toʻsib soʻriga oʻtirdi. Dilmurod har ehtimolga qarshi tayyor qilib qoʻygan tinchlantiruvchi dorini olib, uni em ignasi bilan Devonaning bilagiga yuborgach, yelkasidan ushlab yotqizdi.

Devona uyquga ketdi. Rhaq voqea oydin boʻlgani uchun tashqariga chiqdi. Dilmurod esa garangsib, Devonaga tikilgancha oʻtirib qoldi.

Qochoqlar

Bu qish Novqat atroflariga qor qalin tushdi. Sovuq hamma yerni qaqshatib yubordi. Barcha bahorni intiqlik bilan kutar, ammo tabiatning iliq nafasi hadeganda sezilmas edi.

Sandalning tafti pasaygani uchun Sabohiddinning eti junjikib uygʻondi. Lekin oʻrnidan turishga, kul bosgan choʻgʻni titib qoʻyishga erindi. Bulut tarqab, havo ochilibdi — oy nuri qor zarralarida yaltiraydi. Itdan ham sovuq oʻtganmi, inida yotgancha gʻingshiydi. Sabohiddinning koʻzi yana ilindi. Bosinqiradi. Tushiga Sojida bilan Ma’murboyvachcha kiribdi. Ikkovi ham qonga belangan. Sabohiddinga xunuk tikilishadi. Indashmaydi. Sabohiddin kalima keltirsa ham joylaridan jilishmaydi. Tirnoqlari orasidan chak-chak qon tomadi. Qon, qop-qora qon... Yer uni shimmaydi. Xuddi lagʻcha choʻgʻ ustiga suv tomchisi tushib, jizgʻanak boʻlgani kabi ulardan tomgan qon ham yer ustida olovlanib turadi-da, soʻng toshga aylanadi. Birpasda ularning tizzasigacha tosh boʻlib ketdi. Keyin Sojida toshlarni olib, Sabohiddinga otdi. Sabohiddin qochishga harakat qildi. Lekin ildamlashga qancha urinmasin, ogʻir oyoqlarini sudray olmadi.

Shu payt it qattiq hurib, uni uygʻotib yubordi. Kimdir qorni gʻirchillatib bosib kelib, uyga yaqinlashdi. Ayvon ustuniga qamchin dastasi bilan asta urib, taqillatdi.
— Kim? — dedi Sabohiddin uyqu aralash.
— Taqsir, otlaning, begim yoʻqlayaptilar sizni, — dedi kutilmagan mehmon past ovoz bilan.
— Nima uchun? Tinchlikmi?
—Tinchlik. Tez boʻling. Vaqt gʻanimat.

Ichkari uydan Sohiba ayaning ovozi keldi. Sabohiddin oʻsha tomonga oʻtdi. Onasi bilan singlisini tinchlantirib, xayr-xoʻshlashib, toʻrvani yelkasiga tashladi-da, tashqariga chiqdi. Sabohiddin uchun ham ot keltirishgan ekan, katta dovon sari yoʻlga tushdilar. Kecha yarimlagan, charogʻon yulduzlar toʻlin oy izmiga boʻysunib, goʻyo yerga ayoz ufurardi.

Tong otdi. Kun mashaqqatli yoʻl azobi bilan oʻtdi.

Qarorgohga shom qorongʻisida yetib bordilar. Otlar ham xoridi. Oʻzlari ham holdan toydilar.

Sabohiddin otdan tushib, oq oʻtov sari yurdi. Qora chiroq ichkarini xira yoritib turibdi. Norxoʻja yonboshlab, Ahmad dev esa chordana qurib olgan. Oʻrtada dasturxon yozigʻliq. Norxoʻja Sabohiddinni koʻrib qoʻzgʻaldi. Ruhiyati horgʻin boʻlsa-da, iliq soʻrashdi.
— Tinch keldilaringmi? — dedi fotihadan soʻng.
— Alhamdulilloh. Dovondan oʻtishda bir oz urinib qoldik chamasi.
— Iloj qancha. Ilgarilari bunaqa paytda esi bor odam dovonga yaqinlashmasdi. Xudo xohlasa, yana oʻsha kunlarga yetib qolarmiz.
— Insha Olloh. Kela-kelguncha nima gap ekan, deb xavotirda boʻldim.

Norxoʻja miyigʻida kuldi.
— Sizni xiyla azobga qoʻyibmiz-da. Xavotirli yumush yoʻq. Hamma ish joyida. Sizni bir quvonchli xabardan ogoh qilib qoʻyay, deb yoʻqlatgan edim.
— U holda, nur — alannur, taqsir. Bu quloqlar shodiyona xabarlarga chanqoq boʻlib qoldi.
— Biz shoʻrolar bilan yarashishga ahd qildik. Ortiqcha qon toʻkmay, qurollarimizni ularning oyogʻi ostiga tashlab, issiq uyimizda jon saqlaylik, degan niyatdamiz. Siz bunga nima deysiz?

Bunday gap Sabohiddinning yetti uxlab tushiga kirmagan edi. Agar biror murda tirilib kelibdi, deyilsa, ishonardi. Ammo bu gapga... Yo Norxoʻja sinayaptimi? Balki rostdir. Tushida qon koʻrgan edi. Qon yorugʻlik deydilar.
— Taqsir, soʻzlaringizni sal yanglish angladim shekilli?
— Nazarimda aynan tushundingiz.
— Yo meni sinamoqchi boʻlyaptilarmi?

Norxoʻja kulib yubordi. Lekin Ahmad devning yuzida oʻzgarish sezilmadi. U chordana qurganicha piyoladagi ikki qultumgina choyni aylantirib, oʻy surardi. Goʻyo Sabohiddin bilan qoʻrboshining suhbatlari qulogʻiga kirmayotgan edi.
— Sizni sinab esimni yebmanmi, mulla Sabohiddin, nafsilamrini aytyapman.
— Bu qadar osonlik bilan boʻyin egish...
— Nomardning ishi! Ha! Dev, eshitdingmi, mulla ham shu fikrda. Lekin mening qarorim qat’iy. Xoliqberdi toʻraga qoʻshilib, bolshavoylarga taslim boʻlaman.

Sabohiddin nima deyishni bilmadi.
— Gap bunday, mulla Sabohiddin, taxminim toʻgʻri chiqib, toʻraning shoʻrolar bilan yarashishi aniq boʻldi. Toʻrtinchilar bizni ayri-ayri qilib, birma-bir yanchib chiqishlari mumkin. Kuchimiz anchayin qirqilgan. Shuning uchun hiyla ishlatmasak boʻlmaydi. Beklarimning ichida bu hayotdan norozi boʻlib yurganlar bor. Shularni olib Xoliqberdi bilan birga boʻyin egib boraman. Qolgan asl beklarimga Ahmad dev bosh boʻlib Shermatga qoʻshiladi. Siz ham men bilan birga borasiz. Toʻraning mingdan ziyod beklarini ham Shermatga qoʻshishga ulgurdik. Xoliqberdi taslim boʻlgach, Shermatning payiga tushishadi. Ana shunda biz xoin bilan hisob-kitob qilamiz.
— Taslimning boisi faqatgina undan qasd olishmi?
— Meni shu qadarli farosatsiz, deb oʻylaysiz, chogʻi-a, mulla Sabohiddin?
— Afv eting, taqsir, menda sira bunday oʻy boʻlgan emas. Faqat maqsadingizni anglab yetishga fikrim ojizlik qilib qoldi.
— Har bir ishning vaqt-soati bor. Xudo xohlasa, birin-sirin barcha ishlardan ogoh boʻlib borasiz. Sizga hozir faqat bir narsani aytib qoʻyay: men qoʻlimga qilich olganimda boʻynimga oʻlimni ham olganman. Azroil, men qaerda boʻlmay, bir kunmas-bir kun jonimni oladi. Men Xudodan bir narsanigina soʻrayman: meni sharmandalik kafaniga oʻramasin. Jagʻimni «xoin» deb tangʻishmasin. Shuni bilib qoʻying, mulla, agar biz bugun xoinlik qilsak, jon rohatini oʻylasak, ertaga zuryodlarimiz bizni la’natlashadi. Biznigina emas, «shu xezalaklarni tuqqanga ming la’nat» deb onalarimizni ham qargʻashadi. Men bunga yoʻl qoʻymayman. Soʻnggi nafasim chiqquncha olishaman. Tirnoqlarim koʻchguncha tirnayman, tishlarim yemirilib bitguncha tishlayman. Men uchun boshqa yoʻl yoʻq. Siz uchun ham! Buni fahm eting, mulla! «Jihod» degan edingiz. Haqiqiy jihod ana endi boshlanadi.

Norxoʻja chiroyli soʻzlar tizimini kuyunib aytgan boʻlsa-da, Sabohiddin uning gaplariga ishongisi kelmadi. Suyagi yoʻq til sayrayverar ekan, dilda bir pokizalik, bir choʻgʻ boʻlmasa jonsiz soʻzlar tezgina oʻlar ekan. Sabohiddinning nazarida qoʻrboshining tilidan uchgan soʻzlar aks-sado bermay, oʻlaverdi... oʻlaverdi...

Sabohiddin bu odamdan durustroq mujohid chiqishiga ishonmasdi. Uning mahdi haqidagi gaplarini hali unutmagandi. Garchi bu telbalarcha rejasidan boshqa soʻz ochmagan boʻlsa-da, uning qalbida yovuzlik qushi tuxum bosib yotganini Sabohiddin his qilib turardi. Shu bois ham endi bosilajak har bir qadamidan ehtiyot boʻlishi joizligini angladi. Sabohiddin qoʻrboshining gʻazabiga uchrashidan yoki oʻlimdan choʻchimasdi. U niyatiga yetmay, bemaqsad oʻlim topishdan qoʻrqardi...

Uch kundan soʻng olti yuzdan ziyod otliq dovon oshib oʻtib, Shohimardon tomon yoʻl oldi.

Quyoshning oʻlimtik nurlarida sal harorat sezildi. Adirlarning etaklari mosh-guruch boʻlib qoldi. Tabiatning zirillatadigan qahri oʻrnini dilxush havo egallay boshladi. Ana shunday bir damda ular Xoliqberdi toʻraning lashkarlariga qoʻshilib, Iskobil sari yurdilar. Peshindan soʻng manzilga yetishdi. «Tartib bilan qator saf tortilsin!» degan buyruq boʻldi. Sabohiddin lak-lak lashkarning bir yerga toʻplanishini xayoliga keltirmagan edi. Saf qaerdan boshlanib, qaerda tugaganini bilib boʻlmaydi. Hammada miltiq, yelkasi osha oʻqdon. Otlar uchaman, deb turibdi. «Norxoʻjaning, orqavoratdan soʻkingani bilan, toʻramga boʻysunishida gap bor ekan», deb oʻyladi Sabohiddin.

Guzarda jonlanish sezildi. Bir guruh otliq kirib keldi.
— Hov anavi oldinda kelayotgan Nizomiddinxoʻja degani. Frunzening ishonchli odami ekan. Akangizning ulfati. Bachchagʻar xoʻja nomiga ham isnod keltiribdi. Xudo xohlasa, xoʻja boʻlib tugʻilganiga ham pushaymon yeydi.
— Taqsir, siz hozir unga taslim boʻlyapsiz, — dedi Sabohiddin ovozini pastlatib.
— Mulla, qoʻchqor zarb bilan kalla qoʻyish uchun orqaga tisariladi, hech koʻrganmisiz?

Sabohiddin javob bermadi. Saf oldida Xoliqberdi toʻra paydo boʻldi. U oq otda, jigarrang chakmon kiygan, boshida qunduz telpak. Qoʻlidagi qilichni oʻynatgancha otini yoʻrttirib borib, Frunzening odamlariga peshvoz chiqdi. Nimadir dedi. Lekin Sabohiddin uning gaplarini eshita olmadi. Otliqlar orasida akasini koʻrib, yuragi hapriqib ketdi. Keyin Xoliqberdi toʻraning aslahalarini yechib, yerga qoʻyganini koʻrdi. Soʻng guzar oʻrtasida qurollar uyumi qad koʻtara boshladi. Akasi bu uyum orqasida koʻrinmay ketdi.

Norxoʻja sulhdan soʻng ham Sabohiddinga ruxsat bermadi. Sabohiddin Margʻilon masjididagi mutavallining uyida qoʻnoq boʻldi...

... Hamal keldi, amal keldi. Sumalak qaynatish uchun doshqozonlar osildi. Margʻilon atrofidagilar ikki yillik besaranjomlikdan soʻng erkinroq nafas olib navroʻzni bayram qilishdi. Saylgohlar odamlarga toʻldi. Navroʻzning birinchi kuni Sabohiddinni akasi chaqirtirdi. Harbiy aslahalarini taqib olgan Jamoliddin ukasining salomiga alik olmadi. Otdan ham tushmadi.
— Nimaga qishloqqa ketmayapsan?
— Navroʻz oʻtsin.
— Shu bugunoq joʻna. Qaytib kelganimda bu yerda qorangni koʻrmay. Boʻlmasa... Norxoʻja qani?
— Yaqin-atrofdadir?
— Nima qilmoqchi u, pisib yurishidan bir gap borga oʻxshaydi
— Bilmayman...
— Bilmaysan-a?..
— Xudo ursin, maqsadidan xabarim yoʻq.
— Boʻpti, borib narsalaringni yigʻishtiraver.
— Aka, Sojida haqida gʻalati gaplar eshitdim?
— Qanaqa gap?
— Uni oʻqishga yuborar emishsizlar?
— Ha, nima edi?
— Oʻqisa, demak, rost ekan-da?
— Chaynalmay ochiqroq gapir.
— Oʻqisa ochiq yuradigan boʻladimi?
— Ha.
— U holda... buzuqlik...
— Buzuqlik qonida boʻlsa ochiq yursa ham, paranjida boʻlsa ham baribir. Bitta buzuqni deb hammasini chordevor ichiga qamash kerakmi? Ayol ham odam. Odamday yashasin endi. Senga oʻxshagan mullalar fisqu fasod toʻqiyverib, ularni qon qilib yuborishdi-ku.
— Aka!
— Bas qil. Hozir aytishadigan payt emas. Gaping boʻlsa yigʻib tur, uyda gaplashamiz.

Jamoliddin shunday deb otga qamchi bosdi.

Ertasi masjidga Norxoʻja kirib keldi.

«Tezda otlaning, yoʻlga tushamiz, — dedi u. Qoʻrboshining oʻzi safarga tayyor edi, shuning uchun Sabohiddinni shoshiltirdi.

Ular oʻnta oʻzlarining yigitlaridan, beshta shoʻro askarlaridan olib Rishton tomon yurdilar.
— Taqsir, bir gap boʻldimi, yana aslahalarni taqib olibsiz? — deb soʻradi Sabohiddin shahardan chiqishgach.
— Sobiq beklarimdan bir qanchasi Shermatga qoʻshilib beboshlik qilayotgan ekan, shularni insofga chaqirgani boryapmiz. Xoliqberdi Shermatning oldiga ketgan.

Norxoʻja boshqa yigitlar oldida sirni fosh qilmaslik uchun gapni aylantirgan boʻlsa-da, Sabohiddin uning maqsadini tushundi. Qasos oni yaqinlashganini, birga ketayotgan yigitlarning, ayniqsa qi-zil askarlarning taqdiri allaqachon hal etilganini fahmladi.

Yoʻllar tinch. Norxoʻja bilan Sabohiddin oldinda. Otliqlar bir-birlari bilan deyarli soʻzlashishmaydi.

Bahor oftobi ularni bir oz lanj qilgan, koʻz ba’zan uyquga tortib ketardi. Rishtonga oqshomda kirib kelib, Koʻrshermatga qoʻshilib ketgan Karimboyning qoʻrgʻonida tunashdi. Yarim kechada olatasir boshlandi-yu, dam oʻtmay tindi. Hovlida besh-olti kishi mash’ala koʻtarib turar, yerda esa Sabohiddinning hamrohlari choʻzilib yotardi. Sabohiddin mash’ala koʻtarganlar orasida Ahmad devni koʻrib, tinchidi. Ammo, u bekboshiga yaqinlashib: «Iblis, sotqin!» deb qamchilay ketgach, lol qoldi. Soʻng qamchi oʻz yelkasiga ham bir-ikki tushdi. Ahmad dev: «Sotqinlarga oʻlim!» deb baqirib, qolgan qizil askarlarga oʻq uzdi. Toʻrt kishini yer tishlatib, beshinchisiga qamchi urdi.
— Sen tirik qolasan. Xoʻjayinlaringga sovgʻa berib yuboraman, — dedi unga. Soʻng yigitlariga qarab buyurdi. — Sotqin qoʻrboshining miyasi aynib qolibdi. Bunday miyani koʻtarib yurish har qanday gavdaga malol. Yelkasini yengillashtirib, achigan kallani bolshavoylarga sovgʻa qiling.

Norxoʻjani sudrab olib chiqishmoqchi boʻlishdi. Qoʻrboshi dod soldi. Sabohiddinni ham turtib koʻcha tomon haydadilar. Biroq kutilmaganda koʻchaga chiqishlari bilan muomala oʻzgardi. Norxoʻja, unga tegishmasa ham baqirar, tez-tez yechinardi. Yigitlarning biri uning kiyimlarini olib nari ketdi, Ahmad dev esa unga boshqa ust-bosh berdi. Qorongʻi koʻcha boʻylab yurishgach, otlarga mindilar. Ahmad dev qoldi. Ammo qishloqdan chiqishga ulgurishmay, ularga yetib oldi.
— Hamma ish tinchidimi? — dedi Norxoʻja otga yengil qamchi urib.
— Aytganingizday boʻldi, begim. Qizil askarni otga mingazib, oyogʻidan bogʻladim. Xurjunga Tilavoldining kallasini soldim. «Sotqinning jazosi shu!» deb ikki enlik xat ham tashlab qoʻydim. Omma soqolingizni oldirib, yaxshi qilgan ekansiz. Chippa-chin ishonishadi endi.
— Kallani koʻrib esi ogʻib qolgandir?
— Yoʻq, diydasi qattiq ekan, zangʻarning.
— Taqsir, Tilavoldining kallasini, dedingizmi?— deb soʻradi Sabohiddin.
— Ha.
— Oʻzlarining jiyanlarimi?
— Ha, jiyanim. Uni xayrli ish yoʻlida qurbon qildik.

Sabohiddin yoqa ushladi. Bunday ishlardan keyingi paytlarda hayratga tushmay qolgan boʻlsa-da, vujudi larzaga keldi. Qarorgohda Tilavoldi bilan qilgan suhbatlarini eslab, qult etib yutindi. Norxoʻja undagi oʻzgarishni sezmay, soʻzini davom ettirdi:
— Muhammad alayhissalomning qaysi bir katta bobolari zam-zam bulogʻining suvini koʻpaytirib ber, deb Tangriga yolvorib, farzandlaridan birini qurbon qilgan ekanlar. Toʻgʻrimi? Aziz-avliyolar bir qultum suv uchun farzandlarini xudoyi qilganlarida, biz yurtning halovatini koʻzlab, bir kishini qurbonlikka atasak ayb emasdir?
— Din at-tavhidda qurbonliqqa odam.. soʻyish taqiq etilgan.
— Shundaymi? Biz bundan bexabar ekanmiz. Ollohning oʻzi kechiradi gunohlarimizni...

Otlarga achchiq qamchi urildi. Sabohiddin orqada qoldi.
— Mullangizning fikri buzilmadimikin? Orqada qolyapti, — dedi Ahmad dev.
— Yoʻq, ketmaydi. Undan koʻnglim toʻq. Chizgan chizigʻimdan chiqmaydi.
— Unga sovgʻa olib keluvdim.
— Qanday sovgʻa?
— Akasining kallasini.
— Jamol oʻrisnimi? Qaerda koʻrding uni?
— Xoliqberdi bilan birga kelgan ekan. Tinchitib qoʻya qoldim. Shermat qoʻrboshi sizga ham sovgʻa atagan ekanlar, uni ham olvoldim.
— Nima ekan?
— Ozgina zebi-ziynat. Yoʻl xarji... Keyin Gʻuljadagi ogʻa-inilariga koʻrsatsin, deb Xoliqberdining kallasini berib yubordilar.
— Obbo bachchagʻar, koʻr chaqqonlik qilibdi-da, uning kallasini oʻzim olib, bir rohatlanmoqchi edim. Sovgʻalar qani?
— Xurjunda.
— Jamolnikini tashlab yubor, ukasi koʻrmasin.
— Koʻrgani ma’qulmikin?
— Boʻlmasa oʻtib ketgunimizcha indamay tur.

Tongda ularni uch yuzga yaqin yaxshi qurollangan yigit kutib oldi. Norxoʻja odamlarni shoshirar, dam olishga deyarli ruxsat bermasdi. Qashqar yoʻliga chiqishgach, Sabohiddin Norxoʻjaning niyatini angladi. Demak, u xorijga oʻtib ketmoqchi. Shuning uchun ham: «Qaerga ketyapmiz?» degan savoli javobsiz qolgan ekan-da.

Yoʻl yuqorilagani sayin yurish ogʻirlashdi. Otlar charchadi. Odamlar ham holdan toydi. Jar yoqasidagi tor soʻqmoqlarda otlar hurkiydi. Besh-olti ot pastlikka quladi. Bir dovonni oshib oʻtishgach, Norxoʻja hordiq chiqarishga ruxsat berdi. Shunda Sabohiddin orqaga qaytish uchun qoʻrboshidan izn soʻradi.
— Sizning maqsadingiz aniq, u yerdan lashkar toʻplab qaytasiz. Begona yurtlarda mening yurishimga hojat bormikin? — dedi u.
— Islom lashkarlarining safi siyraklashib qoldi. Har bir odam hisobli. Siz qaytsangiz, izingizdan oʻntasi ergashadi. Qoʻrqmang, Gʻuljada zerikib qolsangiz, qaytarib yuboraman. Dunyoni koʻrganingiz qoladi.
— Dunyoni koʻrish qochmas. Men yaqin-yiroqlarim bilan xayr-xoʻshlashganim ham yoʻq edi.
— Kim xayrlashibdi? Menmi? Bu gaplarni qoʻying, mulla. «Jihod, jihod!» deb ogʻiz koʻpirtiruvchi sizmidingiz? Bir choʻqishga chidamay qochmoqchimisiz?

Sabohiddin lab tishladi-yu, indamadi.

Ular yana yoʻlga tushdilar. Kechga yaqin pistirmaga duch keldilar. Sabohiddin chegaraga yaqinlashganlarini shunda bildi. Olishuv uzoqqa bormadi. Norxoʻja oʻliklarni koʻmishga ham ruxsat bermay, yoʻlda davom etdi.

Yurish tobora ogʻirlashdi. Havo yetishmaydi. Suv ichib qoʻygan sakkizta ot shishib oʻldi. Sulayib, holdan toygan yigitlar orqada qolib ketaverdilar. Tungi sovuq zirillatib yuboradi. Ertalab qorli choʻqqilarga yetib oladilar. Norxoʻja shuni oʻylaydi. «Qor koʻchmasa edi», deb xavotir oladi. Xudodan madad soʻraydi. Eng xavfli manzilga yetishganini faqat u bilan Ahmad dev biladi. Boshqalar avvallari bu yoʻldan yurmagan.

Norxoʻjaning kutgani boʻldi. Oqshomga yaqin qor koʻchdi. Qancha yigit koʻchki ostida qoldi. Qanchasi qutuldi, bilmaydi. Oldinda kelayotganlardan oʻttizga yaqini bu ofatdan omon chiqdi. Orqada kelayotgan-lar balki sogʻ qolgandir. Oʻrtadagilardan esa umid yoʻq...

Sabohiddin iziga qaytajagini yana aytdi.
— Olloh bizning yoʻlimizni toʻsdi. Qilayotgan ishimizdan norozi, — dedi u.
— Bizni omon saqlab qoldi-ku? — dedi Norxoʻja.
— Olloh gunohlarimizni yuvishga imkon yaratib, jonimizni qaytarib berdi.
— Biz gunohlarimizni yuvish uchun ketyapmiz.
— Men qaytaman.
— Qoʻrqyapsizmi?
— Men faqat Ollohning gʻazabidan qoʻrqaman. Borgim yoʻq.
— Hammayoqni qor bosdi-ku, qanday qaytasiz?
— Bir amallab oʻtaman.
— Yoʻq, mulla, bu xayolni miyangizdan chiqarib tashlang. Siz men aytgan ishni qilasiz.
— Nima uchun?
— Sababi koʻp. Aytaylik, siringizni yashirganim uchun.
— Qanday sir?
— Ma’mur boyvachchaning oʻlimi menga ham ma’lum. Ammo siz Ahmad devning kimligini yaxshi bilmaysiz. U boyvachchaning Oʻshdagi boʻlasi. Dev qotilni bilmaydi. Men esa unga aytmayman. Eski yarani qoʻzgʻashning nima hojati bor? Qolaversa, hisobli dunyo deganlaridek, yelkangizdagi qarzni uzishingiz kerak. Akangizning jonini, singlingizning nomusini saqlab qoldim. Bu anov-manov gap emas, mulla, oʻylab koʻring. Men Norxoʻja qoʻrboshiman, a? Hadeb noz-firoq qilavermang. Achchigʻim chiqsa... Jiyanimni ham ayamadim, a?

Sabohiddin u bilan tortishish ortiqchaligini bilib, indamadi. Fursat poylamoqni lozim koʻrdi. Sukutni rizolik alomati, deb fahmlagan qoʻrboshi gapini davom ettirdi:
— Biz bir-birimiz bilan achchiqlashmasligimiz kerak, mulla. Esingizdami, mahdi haqida gapirgan edim. Shu rejalarni amalga oshirish fursati keldi. Rishtonda Norxoʻjaning, ya’ni mening kallam olindi. Hozir hamma meni oʻldiga chiqargan. Dushmanlarimning kayfi chogʻ, mahdi uchun yana nima kerak. Qashqarga borgach, siz Makka sari otlanasiz. Xarajatlarni men koʻtaraman. Uyingizga Sabohiddin hoji boʻlib qaytsangiz yomonmi? Mana shu yaxshiliklarim evaziga «Islom yurti uchun Xudo Norxoʻjaning jonini qaytarib berdi», deb gap tarqatasiz. Bor yumushingiz shu!

Sabohiddin yaxshilik bilan javob ololmasligini bilib, qochishni xayol qildi. Qattiq-quruq soʻzlari uchun qoʻrboshidan uzr soʻradi.

Togʻning tungi ayozidan ham uyqu zoʻr kelib, barcha pinakka ketdi. Faqat Sabohiddin uxlamadi. Tun yarimlaganda oʻrnidan turdi. Yonidagi xurjunni asta koʻtardi-da, iziga qaytdi.

Erta tongda Norxoʻjani Ahmad dev turtib uygʻotdi.
— Begim, mullangiz qochibdi?
— Qayoqqa qochadi?
— Qayoqqa qochardi? Zangʻar, mening xurjunimni koʻtarib ketibdi.
— Nima bor edi?
— Oʻzining narsalari... Qiyomat qarzdan qutulibman. Ozgina tilla bilaguzuklar ham bor edi. Orqasidan tushamizmi?
— Yoʻq, — dedi Norxoʻja bir oz oʻylanib, — orqaga qaytish xosiyatsiz. Hali qochganiga pushaymon yeydi. Qaytgan kunim birinchi boʻlib shu mahluqning terisini shilaman.

Ular yana yoʻlga tushdilar.

... Sabohiddin xurjunni yelkasiga olib uzoq yurdi. Koʻchki bosgan joyga yetib kelguncha oyoqlari qaqshab ketdi. U hali koʻchki nima ekanini bilmasdi. Belga qadar qorga botgan kezlarda iziga qaytganidan pushaymon boʻlar, chiqib olganda esa: «Ota yurtdan uzilgandan koʻra muzlab oʻlganim afzal», deb qoʻyardi.

U oqshomga borib sillasi quriganini, ochiqqanini sezdi. Toʻxtadi. Tamaddi qilib olish uchun xurjunni qoʻydi, oʻtirib nafasini rostladi. Keyin qoʻlini xurjunga tiqdi, Silliq, sovuq, yumaloq bir narsaga panjalari tegib ketdi. Seskandi. Xurjunni ochib, ikki qoʻllab uni chiqardi. Chiqardi-yu, serrayib qotib qoldi. Nafasi ham, yurak urishi ham toʻxtadi. U xurjundan akasining kallasini olgan edi!..

Ana shunda...

Togʻlar ham qotib qoldi. Osmon ham. Dunyoning hayot tomirlaridan jon chiqib ketdi.

Bir zum, faqat bir zum shunday boʻldi. U qoʻlidagi kallani tashlab yubordi. Akasining kesilgan boshi qorga choʻkdi. Sabohiddinning qalbidan otilgan faryod sukunatni qalqitib yubordi. Togʻlar aks-sado berdi. Yoʻq, sado emas bu. Togʻlar ham faryod chekdi. Bu faryodni qorlar oʻziga shima olmadi — osmon bagʻriga singdirdi.

Hozirgina oqligi bilan koʻzni qamashtirayotgan qor bir nafasda qop-qora boʻlib qoldi. Keyin asta qizardi. Choʻqqilardan qip-qizil qon oqib kela boshladi. Issiq qon Sabohiddinni ham qa’riga tortib, avval tovonini kuydirdi, keyin badaniga tarqaldi. Soʻng miyasi qiziy boshladi. Tomogʻi qurib, qonni simira ketdi. Simirgan sayin ichi kuyaverdi. Keyin qon qorga singib, atrof asta oqardi. Shunda Sabohiddin qorga botib turgan kallani avaylab qoʻlga oldi. Yumuq koʻzlarni, oʻsiq qoshlarni siladi. Silay turib vujudidan yana faryod otilib chiqdi.

Osmon qa’riga ikki kungacha faryod otilib turdi. Keyin bu alamli ovoz boshqa yerlarga koʻchdi.

Sabohiddin ozib-toʻzib ketdi. Borar joyini ham unutdi: telba boʻlib qoldi. Kallani qoʻldan qoʻymay tentirab yuraverdi. Bir yerda oyogʻi toyib, pastga qarab yumalaganda uni yoʻqotdi. Alam bilan nola chekdi. Oxiri bir dumaloq toshni kalla xayol qilib avaylab oldi. Qosh-koʻzni izladi. Topolmay uvvos solib yigʻladi. Lekin uni tashlab yubormadi. Ehtiyotlab koʻtarib yuraverdi.

Oradan bir necha kun oʻtgach, savdo vajidan Qashqarga borib-kelib yuruvchi oʻzbeklar uni koʻrib qolib, xachirga mingashtirib oldilar.

Charx urayotgan quzgʻunlar yemishlaridan mahrum boʻldilar. Koʻchkini pastlab oʻtgan savdogarlar Sabohiddinning yigʻisidan bezor boʻlib, uni yana tashlab ketdilar.

* * *

Mudhishlikning guvohi boʻlgan Rhaq derazadan nari ketdi. Boshidan bunday azoblarni kechirib, oxir-oqibatda charm qoplangan taxta soʻrida itoatkorlik bilan yotgan Sabohiddinga boshqa qarab turolmasdi. Yuksak salohiyat egasi boʻlgan, ammo bu imkonni kerakli yoʻnalishga mutlaq sarf etolmagan, mavhum maqsad yoʻliga tushib, oʻzgalar niyati uchun qobiliyatini qurbon qilgan Sabohiddinning taqdiri Rhaqning yurak-bagʻrini ezib yubordi.

Dilmurod esa nima voqea yuz berganini bilolmay gangib oʻtiribdi. Agar Sabohiddinning boshiga tushgan kulfatlar unga ham roʻpara qilinguday boʻlsa, esini yoʻqotib qoʻyishi aniq. Odam bolasi tishini-tishiga qoʻyib har qanday azob-tashvishlarga chidasa ham, miyasi oxir-oqibat bu yukni koʻtarolmaydi. Odamlar oʻz a’zolarining imkonini bilmagan holda tabiat qoidalariga qarshi turmoqchi boʻladilar. Tabiatdan hech qachon ustun kelish mumkin emasligini bilmaydilar.

Eshik ochilib, ostonada Dilmurod koʻrindi.

Uning ruhi anchayin past, koʻngliga hech nima sigʻmasdi. Devonaning mavhum harakatlari, TETning hali mukammal emasligi, uni takomilga yetkazish uchun koʻp ish qilish kerak ekani Dilmurodning fikrini band etgan edi. U bir-bir bosib Rhaq-Mirzavoyning yoniga oʻtirdi.
— Biz muolajani kech boshladik, shuning uchun tushunib boʻlmaydigan voqealar yuz beryapti, — dedi Dilmurod hamkasbiga.
— Hozircha hamma kasallikni ham soʻnggi bosqichda davolashga toʻgʻri kelyapti, — dedi Rhaq unga dalda berish uchun. Ammo uning gapi olovga yogʻ sepganday boʻldi.
— Xuddi shu meditsinaning eng katta aybi, — dedi Dilmurod qizishib. — Biz hali odam anatomiyasini tuzuk bilmaymiz. Ha, yuzaki bilamiz. Odam miyasiga homilaning taxminan oʻn sakkiz-yigirmanchi kuni asos solinadi. Oʻsha ondan boshlab har daqiqada oʻrtacha yigirma ming asab hujayrasi tugʻiladi. Biz tekshirishni, oʻrganishni xuddi shu damdan boshlashimiz kerak emasmi? Miya asosan ona qornida kamol topar ekan, onaning tashqi muhitdan ta’sirlanishi bolaga kor qilmaydimi? Masalan, och-nahor boʻlsa, xoʻrlansa, tashvish cheksa... daqiqasiga yigirma ming hujayra tugʻilarmikin? Meningcha yoʻq. Demak, miya bir me’yorda shakllanmaydi. Yoki, yigirma yoshli odamning miyasi oʻrtacha bir ming toʻrt yuz gramm. Uch yoshli goʻdakniki esa bir ming ikki yuz gramm. Oʻrtacha oʻn yetti yilu yana ikki yuz gramm farq bor. Yangi tugʻilgan goʻdak miyasining ogʻirligi uch yuz qirq gramm boʻlsa, dastlabki uch yilda sakkiz yuz oltmish, keyingi oʻn yetti yil ichida esa ikki yuz grammga oshadi. Demak, biz ana shu dastlabki uch yilga koʻproq e’tibor berishimiz kerak emasmi? Ana shularni tadqiq qilish oʻrniga, xastalik soʻnggi nuqtaga kelganda yugurib qolamiz.
— Hadeb kuyinavermang, Dilmurodjon, axir mashoyixlar: «Musulmonchilik ham asta-sekin», deganlar-ku.
— E, — Dilmurod qoʻl siltadi, — asta-sekinlikning vaqti oʻtdi. Zamonni qarang, zir titrab turibdi...

Dilmurodning gapi ogʻzida qoldi. Boʻsagʻada Devonani koʻrib ikkovi ham oʻrnidan turdi. Devona past boʻyli toʻladan kelgan Dilmurodni, qoruvli Rhaq-Mirzavoyni endi koʻrayotganday koʻzlarini chaqchaytirdi-da, asta burilib, koʻchaga chiqib ketdi.

* * *

Mudhishlikning guvohi boʻlgan Rhaq derazadan nari ketdi. Boshidan bunday azoblarni kechirib, oxir-oqibatda charm qoplangan taxta soʻrida itoatkorlik bilan yotgan Sabohiddinga boshqa qarab turolmasdi. Yuksak salohiyat egasi boʻlgan, ammo bu imkonni kerakli yoʻnalishga mutlaq sarf etolmagan, mavhum maqsad yoʻliga tushib, oʻzgalar niyati uchun qobiliyatini qurbon qilgan Sabohiddinning taqdiri Rhaqning yurak-bagʻrini ezib yubordi.

Dilmurod esa nima voqea yuz berganini bilolmay gangib oʻtiribdi. Agar Sabohiddinning boshiga tushgan kulfatlar unga ham roʻpara qilinguday boʻlsa, esini yoʻqotib qoʻyishi aniq. Odam bolasi tishini-tishiga qoʻyib har qanday azob-tashvishlarga chidasa ham, miyasi oxir-oqibat bu yukni koʻtarolmaydi. Odamlar oʻz a’zolarining imkonini bilmagan holda tabiat qoidalariga qarshi turmoqchi boʻladilar. Tabiatdan hech qachon ustun kelish mumkin emasligini bilmaydilar.

Eshik ochilib, ostonada Dilmurod koʻrindi.

Uning ruhi anchayin past, koʻngliga hech nima sigʻmasdi. Devonaning mavhum harakatlari, TETning hali mukammal emasligi, uni takomilga yetkazish uchun koʻp ish qilish kerak ekani Dilmurodning fikrini band etgan edi. U bir-bir bosib Rhaq-Mirzavoyning yoniga oʻtirdi.
— Biz muolajani kech boshladik, shuning uchun tushunib boʻlmaydigan voqealar yuz beryapti, — dedi Dilmurod hamkasbiga.
— Hozircha hamma kasallikni ham soʻnggi bosqichda davolashga toʻgʻri kelyapti, — dedi Rhaq unga dalda berish uchun. Ammo uning gapi olovga yogʻ sepganday boʻldi.
— Xuddi shu meditsinaning eng katta aybi, — dedi Dilmurod qizishib. — Biz hali odam anatomiyasini tuzuk bilmaymiz. Ha, yuzaki bilamiz. Odam miyasiga homilaning taxminan oʻn sakkiz-yigirmanchi kuni asos solinadi. Oʻsha ondan boshlab har daqiqada oʻrtacha yigirma ming asab hujayrasi tugʻiladi. Biz tekshirishni, oʻrganishni xuddi shu damdan boshlashimiz kerak emasmi? Miya asosan ona qornida kamol topar ekan, onaning tashqi muhitdan ta’sirlanishi bolaga kor qilmaydimi? Masalan, och-nahor boʻlsa, xoʻrlansa, tashvish cheksa... daqiqasiga yigirma ming hujayra tugʻilarmikin? Meningcha yoʻq. Demak, miya bir me’yorda shakllanmaydi. Yoki, yigirma yoshli odamning miyasi oʻrtacha bir ming toʻrt yuz gramm. Uch yoshli goʻdakniki esa bir ming ikki yuz gramm. Oʻrtacha oʻn yetti yilu yana ikki yuz gramm farq bor. Yangi tugʻilgan goʻdak miyasining ogʻirligi uch yuz qirq gramm boʻlsa, dastlabki uch yilda sakkiz yuz oltmish, keyingi oʻn yetti yil ichida esa ikki yuz grammga oshadi. Demak, biz ana shu dastlabki uch yilga koʻproq e’tibor berishimiz kerak emasmi? Ana shularni tadqiq qilish oʻrniga, xastalik soʻnggi nuqtaga kelganda yugurib qolamiz.
— Hadeb kuyinavermang, Dilmurodjon, axir mashoyixlar: «Musulmonchilik ham asta-sekin», deganlar-ku.
— E, — Dilmurod qoʻl siltadi, — asta-sekinlikning vaqti oʻtdi. Zamonni qarang, zir titrab turibdi...

Dilmurodning gapi ogʻzida qoldi. Boʻsagʻada Devonani koʻrib ikkovi ham oʻrnidan turdi. Devona past boʻyli toʻladan kelgan Dilmurodni, qoruvli Rhaq-Mirzavoyni endi koʻrayotganday koʻzlarini chaqchaytirdi-da, asta burilib, koʻchaga chiqib ketdi.

Ertalab shifoxonaga yetib ulgurmagan ham ediki, Dilmurodni bir bola chaqirdi. U toʻxtab, orqasiga qaradi. Yugurib kelayotgan bola hansiraganicha gap boshladi:
— Propesur togʻa, jinni oʻlib qolibdi.
— Nima deding?
— Oʻzini osib qoʻyibdi.
— Qaerga?
— Abdulhay amakimizning bogʻiga. Shiypon qurilayotgan bogʻ bor-ku, ashi yerda.

Dilmurod qadamini tezlatdi. Abdulhayning bogʻiga odamlar toʻplangan. Murda yerga olib qoʻyilgan edi. Oʻrik shoxida sirtmoq osigʻliq, pastda esa... goʻr qazilgan edi. «Darrov ulgurishibdimi, nimaga bu yerga qoʻyishmoqchi», deb oʻyladi Dilmurod murdaga yaqinlashib. U Devonaning mijjalarini qayirib koʻrdi. Kimdir murda ustiga urinib qolgan toʻn tashladi. Bu orada halloslab goʻrkov yetib keldi. Qazilgan qabrga qarab bosh chayqadi.
— Oʻziga oʻzi tayyorlab ketibdimi? Tirikligida ham hech kimga ogʻirligi tushmagan edi, — goʻrkov shunday deganicha engashib, lahadga qaradi.
— Shu yerga koʻmamizmi? Qazigan qabriga qaraganda... — deb soʻradi Dilmurod.
— Duch kelgan joyga qoʻyavermaylik. Hech boʻlmaganda oʻlganda hamjihat yotishsin.

Devonani hujrasi yaqiniga koʻmdilar.

Odatda inson bolasi kamdan-kam hollarda gʻalayonga jur’at etadi. Hayoti davomida oʻnlab, balki yuzlab voqeaga nisbatan bagʻrida isyon uygʻonsa-da, uni yuzaga chiqarmaydi, boʻgʻib yashaydi. Ayniqsa, bu hol Devona- Sabohiddinning hayotida koʻp boʻldi. Sabohiddin umrida ikki marta gʻalayonini jilovlay olmadi. Uning qalbida koʻz ochgan dastlabki isyon oila nomusini poklashga undadi. Ikkinchi marta jamiyatga, nainki jamiyatga, balki oʻz-oʻziga qarshi isyonga jur’at etdi. U ikki martagina gʻalayon qildi. Ammo har ikkala harakati izsiz ketdi. Birinchi gal uning jur’ati akasiga muhrlandi. Ikkinchi va soʻnggi marta qilgan gʻalayonida u oʻzi goʻr qazib, bosh tomoniga akasidan yagona xotira — askar qalpogʻini qoʻygan edi. Ammo odamlar buni anglab yetmay, uni boshqa qabrga koʻmdilar.

Koʻp oʻtmay raisning buyrugʻi bilan Devonaning hujrasi buzib tashlandi.

Dilmurod nima qilarini bilmay qoldi. U Devonaning tuzala boshlaganiga ishonardi. Uning oʻzini osib qoʻyishi ham shundan. Lekin Dilmurod buni qanday isbot etadi? Balki Devonaning oʻlimida Dilmurodning aybi bordir? Miyasidagi ayrim xotiralar uygʻonib, uni azobga solgandir? Odamovi boʻlib qolgani ham shundandir? Norxoʻjani tilga olib talvasaga tushganda, nima uchun tuzukroq ahamiyat bermadi? Mudhish xotiralarining oʻsha kezlari uygʻona boshlaganini taxmin qilgan edi-ku? Ha, ayb Dilmurodda. Agar Devona doimiy nazorat ostida boʻlganda...

Qorlar erib, yerning nami koʻtarila boshlagach, barcha daladagi ishlar bilan ovora boʻldi. Qishloqdagi mudroqlik, dangasalik bahor oftobi bilan hovur singari koʻtarildi.

Dilmurodga erinchoqlik yuqib samovarxonada Asqaralining suhbatini olay deb chiqqan edi. Guzar tomonga usti berk mashina kelayotganini koʻrib, Dilmurod sergaklandi. Mashina guzarda toʻxtashi bilan undan ikki noma’lum kishi tushib atrofga alanglab oldi. Soʻng... Anvar tushib samovarxonaga qaradi. Soʻri panjarasiga tirsagini tirab oʻtirgan Dilmurodni koʻrib ikki kishiga nimadir dedi.

Notanish kishilar tez-tez yurib samovarxonaga koʻtarildilar. Biri Dilmurodning roʻparasiga turib oldi, ikkinchisi orqasiga oʻtdi.
— Sen qamoqqa olinding, — dedi roʻparadagi odam dagʻal ohangda.

Dilmurod qaynotasini qamoqqa olinganini koʻrgan, bularga gap uqtirish mumkin emasligini bilardi. Shu sababli indamay oʻrnidan turdi.

Nogahoniy bu tashrifdan, bu gapdan hayratga tushgan Asqarali esa Dilmurodga oʻzini qalqon qilmoqchi boʻldi.
— Inim, Dilmurodjonning ayblari nima, avval tushuntiring. Yana yanglish kelgan boʻlmang?
— Sen nari tur, — u bepisandlik bilan shunday deb xuddi xasni surib qoʻygandek Asqaralini turtdi.
— Asqarali togʻa, qoʻying, bularga bas kelib boʻlmaydi, — dedi Dilmurod.
— Sen xalq dushmani Razzoqov bilan birga Vatanga qarshi jinoiy ish olib borganda ayblanasan, oldimga tush. Qoʻlingni orqaga qil.
— Hoy, inim, insof qiling, bola-chaqasi shu yerda, koʻrishib olsin.
— Nari tur.

Bu safar qattiqroq turtgan edi, Asqarali gandiraklab soʻriga oʻtirib qoldi.

Bu voqeani Rhaq-Mirzavoy Asqaralidan eshitib oʻyga toldi. Umidani bagʻriga bosib oʻtirgan Aqidaga qaray olmadi. Aqida jim edi. Uning koʻz yoshlari qurib boʻlgan. Yigʻlashga madori ham yoʻq edi.

Rhaq nima deyishni bilmay turganida Aqidaning oʻzi soʻz ochdi.
— Mirzavoy aka, yaxshi ham siz togʻda ekansiz... Endi bu yerdan tezroq keting. Erta-indin sizni izlab kelishadi. Dadamga yaqin odamlarni terib boʻlishdi. Endi Dilmurod akamning yaqinlarini terishadi.
— Hech ishongim kelmayapti, — derdi Asqarali, — qanaqa zamon boʻldi bu, a?
— Shaytanat zamoni, — dedi Aqida hazin ovozda.

Xotima Oʻrnida

Rhaq ertalab shaharga tushib hujjatlarini surishtirish bahonasida Buxoroga yoʻl oldi. Tangda berilgan koʻrsatmaga muvofiq, birinchi aloqa muddati yaqinlashgandi. U Qizilqumda qolgan kemaga qaytib, bir-ikki kun tiniqib olmoqchi, koʻrgan-bilganlarini fikr oynasidan oʻtkazib, hisobot tayyorlamoqchi edi.

Rhaq kemaga kirdi-yu, chaqiriq chiroqlarining tinmay yonib-oʻchayotganini koʻrib hayron boʻldi. Aloqa bogʻlashga hali uch kun vaqt bor edi. Biror kor-hol yuz berdimikin? U kursiga oʻtirib Yer atrofida yoʻldosh kabi uchayotgan asosiy yassi kema bilan aloqa bogʻladi. Boshliq darhol yoʻlga otlanishni buyurdi. Boshqa barcha tangliklar kemaga qaytganini aytib, Yerda katta urush boshlanayotgani uchun Tangga qaytishlari lozimligini bildirdi. Rhaq bu yangilikni eshitib, hang-mang boʻlib qoldi. Axir, odamlar orasida: «Gitler bilan sulh tuzildi, urush boʻlmaydi», degan gap yurardi-ku! Nahot hamma aldangan boʻlsa? Nahot qirgʻin boshlansa? Asqarali, Dilmurod, Umida, Aqida, Kesganbelning mehr-oqibatli odamlarining umriga nuqta qoʻyilsa? Rhaq yerliklarni samimiy bir muhabbat bilan sevib qolgan edi. Mana shu Yer, mana shu odamlar uning qalbida izsiz yoʻqolib ketgan mehr, sevgi, oqibat tuygʻularini qaytardilar. Endi bu odamlarni tashlab, qaerga qaytadi? Hissiz yurtigami? Uni kim kutyapti? Uning gapiga kim quloq soladi? Bu yerda-chi? Taraqqiyotni belgilaydigan nodir iste’dod egalari boʻlmish odamlaridan voz kechayotgan jamiyat endi Rhaqqa mehr koʻrgaza olarmikin?

Shu savollar oʻtida qovrilgan Rhaq ogʻir ish qilib toliqqanday koʻzlarini yumdi. Beozor devona— Sabohiddin, unga mehribonlik qilayotgan Umida, kuyunchak Dilmurod, vafodor Aqida, hazilkash Asqarali, iffatli Saboxon, bir-birlariga oqibatli hamqishloqlar, Shoaziz, Mamarayim kabi temir odamlar koʻz oldidan oʻta boshladilar. Hozir ana shu xilma xil odamlar bilan vidolashib uchib ketishi kerak. Buyruq shunday. Qoʻngʻir murvatni burasa bas. Hammasi ortda qoladi: shirin tush koʻrayotib choʻchib uygʻongan odam holiga tushadi. Tugʻilib-oʻsgan yurtiga qaytish qanchalik lazzatli boʻlmasin, tuygʻulari tugʻilgan Yerni tashlab ketish azobi shu qadar ulkan edi. Ikki qudratli kuch uni ikki yoqqa tortqilardi. Shu onda, shu nafasda ikki yoʻldan birini tanlashi kerak. Oʻylab koʻrishga fursat yoʻq. Ikki qudratning biriga mayl berishi shart. Nima qilsin? Hammasini tashlab ketsinmi?

Rhaq entikib koʻzlarini ochdi. Qoʻngʻir murvat... Tang, hissiz hamyurtlari... Ulkan sayyorada bir oʻzi tanho... Boshqalar begona! Begona... Yerda-chi?

Qoʻngʻir murvat...

Oʻsh — Toshkent.
1976-1982
II- qism
 
Keyingi