OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Tohir Malik. Erkin (hikoya)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiErkin (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm32KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/23
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Erkin (hikoya)
Tohir Malik

Qamoqxonaning temir eshigi avvaliga yurakni ezadigan darajada gʻijirladi, soʻng shiddat bilan sharaqlab yopildi. Erkinning nazarida temir eshik sharaqlamadi, balki mogʻor hidi anqib turgan bu zah bino tars ikkiga yorilib, ajralib, keyin shu ondayoq uni yutib yuborganday boʻldi. Uzunasi uch qadam, eni ikki qadam keladigan sovuq, nimqorongʻi xonada yolgʻiz qolgan Erkinning badanida titroq turdi. Titroq sovuqdanmi yo qoʻrquvdanmi - buni avvaliga oʻzi ham bilolmadi.

Eshikning sharaqlab yopilishi soʻnggi umid uchqunlari ustiga kul tortdi. Qamoqxonaning uzun dahlizidan qoʻlini orqasiga qilib yurib kelayotganida ham undagi umid uchquni olisdagi yulduz kabi miltillab turgan edi.

Endi... tamom! Demak, bu shunchaki poʻpisa emas! Demak, bu anglashilmovchilik ham emas!

Erkin ostona hatlab bir qadam qoʻyganicha qotib turardi. Koʻz oldini qorongʻi parda qoplagan, nazarida oyoqlaridan ham jon butkul chiqib ketganday edi. U oʻzi bilmagan holda asta choʻka boshladi. Avvaliga choʻnqaydi, soʻng choʻkkaladi. Tizzalari muzladi. Titroq kuchaydi. Baqirmoqchi boʻldi - ovozi chiqmadi.

...Qorongʻi xonaga chaqmoq nuri yopirilib kirganday birdan yorishib ketdi. Shunday yorishdiki, hatto koʻzlariga hech nima koʻrinmay qoldi. Nazarida chaqmoq qamoqxonani shart ikkiga ajratib tashlaganu oʻtkir nuri bilan koʻzlarini qamashtirib yuborganday edi. Dam oʻtmay xona asta qizara boshladi. Oxiri qondek toʻq-qizil tusga kirib, atrof chayqala ketdi. Qamokxona toshbino emas, balki ulkan qon dengizida qalqib turgan kema edi uning xayolida. Mavjlar bora-bora poʻrtanaga aylandi. Tiz choʻkkanicha qaltirayotgan Erkin oʻroq solingan bugʻdoy poyasiday shilq etib yonga quladi. Chakkasi betonga tegib, koʻz oldini qoplab turgan qip-qizil qon dengizi qop-qora zimiston chohga aylandi. U zimiston chohga goʻyo uchib tushdi. Qaltiroqlari ham qolgan, badandagi zirqiroq ogʻriq ham koʻtarilgan edi. U oʻzini yengil his qilar, qushday uchardi...

Beliga enli kamar bogʻlagan soqchi ichkaridagi yigitchaning jimib qolganidan xavotirlanib, eshik tuynukchasini ochib qaradi:
— Yerga yotib olibdi-ku, biron nima boʻlmaganmikin?-dedi u sherigiga qarab.

Rangpar sherigi tuynukchadan bir oz qarab turgach:
— O'lmaydi, yotaversin,-deb hotirjam ravishda nari ketdi.

Erkin qancha yotganini bilmaydi. Hushiga keldi-yu, sukunat jarangidan dahshatga tushdi. Jimjitlikning bu qadar dahshat ekanini u bilmas edi. Shu sababli hushiga kelgan-kelmaganini avvaliga anglamay yotdi. Bir payt onasi sukunatni parchalab: «Turgin bolam, shamollab qolasan», deb shivirlaganday boʻldi. Erkin seskanib, boshini koʻtardi. Quloq tutdi -onasi boshqa gapirmadi. U atrofga alangladi: toʻgʻrida temir karavot qorayib turibdi. Tepada xira chiroq. Bir tomonda temir panjarali darcha. Orqada temir eshik. Boshqa hech narsa yoʻq.

U qaddini rostladi-da, muzlab qolayotgan oʻng qoʻlini, oʻng biqinini siladi. Majolsiz oyoqlarini bir-bir sudrab bosib karavotga borib oʻtirdi. Koʻrpa boʻlib koʻrpamas, junchoyshab boʻlib junchoyshab boʻlmagan bir uvadani olib, oʻrandi. Badaniga sal issiqlik yugurdi. Sovuq chekingach, ochlik xurujqildi.

Yigitchani uydan olib chiqishganda subhi kozib edi. «Enkevede[1]» desa joni halak qoʻshnilar eshiklari tirqishidan moʻralab qolaverishgan, nola qilayotgan onasini yupatguvchi zot topilmagan edi. Erkin kun boʻyi tik turganicha soʻroqlarga javob berdi. Qosh qoraya boshlaganda keltirib, bu xonaga tiqishdi.

Erkin nimqorongʻi, zax xonaga ham, sukunatga ham asta koʻnika boshladi. Bir yil ichida avval akasidan, soʻng otasidan ayrilgan, otasining doʻstlari ham birin-ketin qamalayotganini eshitib dovdirab qolgan oʻn yetti yoshli yigitcha uchun oʻtgan kecha va kunduz kutilmagan sinov edi.

Uch kun avval maktab direktori uni chaqirtirdi. Choʻqqi soqolli bu odam gʻoyat sertakalluf, hatto bolalarni ham sizlab gapirar, birovdan ranjiganini sira sirtiga chiqarmas edi. Ana shunday hilm egasi boʻlgan odamni rangi oqargan holda koʻrib, Erkin ajablandi.
— Kechqurun Nozimxoʻja akangizni ham olib ketishibdi,-dedi u sarosima bilan.-Bittadan terishyapti. Siz hoziroq uyingizga boring. Dadangizning kitoblarini, kundaliklarini, maktublarini, xullas, yozilgan qogʻoz borki, berkitib tashlang. Julqunboy bilan Choʻlponning kitoblari zinhor yuzada qolmasin. Ehtiyot boʻling, bolam, bora qoling.
— Nimaga, muallim?-deb e’tiroz bildirdi Erkin.- Dadam... yoʻqlar-ku? Shunda ham kelishadimi bizlarnikiga?
— Kelishlari mumkin... Ular uchun hozir tirigu oʻlik odam - bari bir.

Erkin muallimining qoʻrqoqligidan bir kulib, bir hayron boʻlib, uyiga bordi. Uning gaplarini onasiga aytdi. Onasining rangi oʻchib, «Voy, oʻlmasam...» deb ikki yuziga kaftlarini bosdi. Uch oydan beri nafaqa puli berilmay qoʻyilganining boisini shu topda angladi. Bir oz sarosimada turdi-da, keyin tokchalardagi kitoblarni saralay boshladi. Uning qoʻli ishda, lablari esa: «Voy, xudoyim, endi nima qildim, bularni qaerga yashirdik?!» deb pichirlardi.
— Erkinjon, bolam, bularni qaerga yashiramiz? Yoqmasak boʻlmaydi shekilli?-dedi onasi toʻplangan kitoblargaqarab.

Erkin «onam hazillashyaptilarmi?» deb unga tikildi. Keyin onasi hozirning oʻzida oʻt qoʻyib yuboradigandek qoʻllariga yopishdi.
— Yoʻq,- dedi u qat'iy,- yoqmaysiz! Bu dadamning kitoblari!

Dadasining qoʻllari tekkan kitoblarni yoqishga yoʻl qoʻya olmasdi. Kitob yonsa, dadasining xotirasi ham kuyib, kul boʻladiganday edi. Oqibatda bu uyda tabarruk hech nima qolmas edi. Erkin xotirasiz yashamoq, tuygʻulardan mahrum boʻlmoq - vahshiylik ekanini hali durust tushunib yetmasdi. U hozir bir narsani aniq bilardi - otasining qoʻllari tekkan buyum

tabarruk, muqaddas. Muqaddas narsani esa yoqib boʻlmaydi. Onasining qoʻllarini ushlab, koʻzlariga tikildi. Uning bu qarashida «oʻlsam oʻlaman, biroq yoqtirmayman!» degan qaror zohir edi. Ona oʻgʻlining qalbida portlagan, biroq tilidan uchmagan bu xitobni yuragi bilan eshitdi.
— Nima qilamiz boʻlmasa?-dedi yigʻlamsirab.
— Koʻmibqoʻyamiz.

Oshxonada odam boʻyi keladigan katta xum boʻlardi. Erkin esini taniganidan buyon bu xumga donu dun toʻlatilganini bilmaydi. Hozir Erkinning xayoliga daf'atan shu boʻsh xum keldi. Tashqariga chiqdi-da, itining yogʻoch uychasini nari surib, oʻra qaziy boshladi. Onasi esa hamon yigʻlamsiraganicha maktublarni, hujjatlarni toʻp-toʻp qilib tugar edi.

Erkin xumning ogʻzini mahkamlab, ustiga tuproq tortib, soʻng itining yogʻoch uyini surib qoʻyganida tun yarmidan oqqan edi.

Ertalab maktabiga borgan Erkin direktorning «xalq dushmani» sifatida qamoqqa olinganini eshitdi. Direktorning kechagi qiyofasi koʻz oʻngidan ketmay, oʻzining ham sarosimaga bandi boʻlib borayotganini xis qildi.

Oqshomda esa... uylariga bular - kutilmagan, chorlanmagan, xushlanmagan mehmonlar kelishdi. Boshqalarga buyruq berayotgan charm kurtkali kishini Erkin bir koʻrishdayoq tanidi. Javlon ismli bu odam avvallari ham uylariga bir-ikki kelgan edi. Bu mehmonni koʻrishdayoq dadasining peshonasi tirishganini Erkin sezgandi.

Dadasining bir odati boʻlardi: biron-bir yaxshi odam mehmon boʻlib ketgach, oila davrasida uning fazilatlarini sharaflab oʻtirardi. Mehmon xush koʻrilmaydigan, koʻngliga oʻtirmaydigan boʻlsa, indamay qoʻya qolardi. Shu tufayli charm kurtkali Javlonning asli kimligi Erkin uchun noma’lum edi.

Dadasining janozasida bu odam ham kelib: «Mirabbosov bolshevik edi, bolshevikchasiga koʻmamiz», deb hammaning boshini qotirgandi. Shunda Erkinning buvisi chiqib: «Bolam bolshavoy boʻlgan, toʻgʻri, lekin ota-bobolariday yotaversin. Bolshavoy taxta qutida yotsin, degan qonuningni koʻrsat!» deganidan soʻng: «Unda yuzini ochinglar, xayrlashaylik», deb tiqilinch qilgan, odamlar: «Kafanlab qoʻyilgan, ochib boʻlmaydi», deb koyib berishgach, janoza oʻqilishini ham kutmay, bir nimalar deb toʻngʻillaganicha ketib qolgan edi.

Qorongʻi tushganda aynan shu odamning kelishi Erkin uchun jumboq edi.

Javlon hatto etigining changini ham qoqmay uyga kirib keldi. Avval namatni, soʻng toʻshalgan koʻrpachalarni bosib oʻtib, tokchaga yaqinlashdi.
— Hm-m... Marks, Lenin... yaxshi...-dedi u kitoblarga qarab.-O'rtoq Stalinning kitoblari qani?

Erkinning onasi kalovlanib, javob bera olmadi.
— Qanaqa bolshevik ekan, u Mirabbosov, uyida dohiyning kitobi boʻlmasa... Mana bu yerda dushmanlarning kitoblari turar edi, qani ular?

Erkinning onasi yana javob qaytara olmadi. Savol takrorlangach, arang: »qaysi dushmanlar?» deya oldi xalos.
— Qaysi dushmanlar?-Javlon «ularni rostdan ham bilmaysizmi?» deganday bir zum tikilib turdi:-Qodiriy, Choʻlpon degan dushmanlarni eshitmaganmisiz? Eshitgansiz. Kitoblarini ham bilardingiz. Hech boʻlmasa tokchaning changini artayotganingizda koʻzingiz tushgandir, a? Shuning uchun meni laqillatishga urinmang. Men sizdan soʻrayapman: kitoblar qani?

Savol bu safar yanada keskinroq, yanada balandroq ovozda soʻraldi. Erkinning onasi bu ohangdan choʻchib ham tushdi. Javlonning qahrli nigohiga dosh berolmadi. Nima qilsin: dod deya olmasa, qoʻshnilarini yordamga chaqira olmasa, koʻchaga qochib keta olmasa... Javob qaytarmoqdan oʻzga chorasi yoʻq.
— Ularmi... ularni yoqib yuborganmiz.

Shu javob bilan qutulib qolmoqchi edi, biroq Javlon yoʻl qoʻymadi:
— «Yoqib yuborganmiz»? Nimaga?
— Shu... nimaydi...

Onasining oʻrtanishiga chiday olmagan Erkin uning oʻrniga javob qaytardi:
— Xalq dushmanlarining kitoblariga bolshevikning uyida joy yoʻq!

Javlon zaxarli jilmayish bilan Erkinga tikildi:
— Shunaqami? Yaxshi... Lekin sendan soʻraganim yoʻq, tirrancha, sen gapga aralashma... Xoʻ-oʻsh, demak, kitoblarni yoqqansiz? Eringiz qaerda, uni yoqmagandirsiz, a?

Erkin ham, onasi ham hangu mang boʻlib qolishdi. Bu odam hazillashyaptimi yo chin gapiryaptimi - farqlay olishmadi.
— Bu nima deganingiz...-dedi onasi yigʻlamsirab.-Axir dadasini... axir oʻzingiz koʻrgansiz...
— Koʻrmaganman! Koʻray deganimda meni yulib tashlagansiz, chunki kafan ichida boshqa odam boʻlgan. Mirabbosov - xalq dushmani! U adolat hukmidan qochib yuribdi.
— Xaqqingiz yoʻq bunday deyishga! Dadam halol odam edilar!
— O'zingni bos, tirrancha! Dadangni sendan koʻra men yaxshiroq bilaman. Mirabbosov Buxorodagi tintuvda topilgan bir xum tillaning yarmini davlatga topshirmagan. Arxivni koʻtardik, dalillar bor. Xoʻsh, qolgan tillani qaerga yashirgan? Yo uni ham yoqib yubordilaringmi? Mayli, Mirabbosov xalq dushmani boʻlmay qoʻya qolsin. U hatto shu nomga ham arzimaydi. Mirabbosov - oddiy va pastkash oʻgʻri. Biz esa oʻgʻrini izlab topishimiz kerak.

Inson bolasi oʻzining haqoratlanishiga chidashi mumkindir. Biroq, vafotiga hali bir yil ham toʻlmagan otasining xotirasi bulgʻanishiga qanday chidasin?! Erkinning nazarida bu tuhmat soʻzlar uchishi hamon zamin larzaga kelib, silkinishi, osmon esa gʻazabdan qoq ikkiga boʻlinib ketishi kerak edi. Ehtimol moziyda, ming yillar ilgari shunday boʻlgandir. Keyin odamlar tilidan uchayotgan tuhmatu igʻvolarga koʻnikib yuvosh tortib qolgandir. Ehtimol... ehtimol... Yer-u osmon chidagan narsaga Erkin toqat qila olmadi:
— O'zing oʻgʻrisan!-Erkin oʻzini tutolmay shunday deb baqirdi-da, Javlonga tashlandi. Onasi yoʻlini toʻsmaganida uning kekirdagiga chang solishi aniq edi. Javlon bir imlagan edi, ostonada turgan askar Erkinning qoʻllarini qayirib, hovliga sudrab olib chiqdi.

Qosh qoraydi, kech kirdi. Atrofga sokinlik choʻkdi. Goʻyo butun shahar, butun oʻlka oromga berilgan edi. Erkin shu onda boshqa xonadonlar ham tashvish oʻtida qovrilayotganini, eshiklarining taqillashini xavotir bilan, yurak hovuchlab kutayotganini bilar edi. «Balki uch-toʻrt uyni tintishayotgandir,-deb oʻyladi u,- lekin oʻlgan odamni topib berasan, deb tiqilinch qilishmayotgandir?..» Erkin ichkarida nima gap boʻlayotganini bilmasdi. U odamning gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir tovushini, onasining yigʻlamsiragan ovozinigina eshitardi. «Koʻmilgan qogʻozlarni, kitoblarni koʻrsatsam, qorasi oʻcharmikin, bularning», deb ham oʻyladi. Keyin qogʻozlardagi biron-bir satr otasining «xalq dushmani» deb qoralanishi uchun asos boʻlishi mumkinligini anglab, oʻzini tiydi. U dadasining kundaliklarini oʻqigan, ayrim satrlar yod ham boʻlib ketgan:

Otasini badnom qilib yuborishlari uchun shu baytning oʻzigina kifoya. She’rning inqilobdan avval yozilganiga qarab oʻtirishmaydi. Erkin otasining qamoqqa olingan doʻstlarini eslab, «Tirik boʻlganlarida dadamni ham qamashar ekan-da...» deb oʻyladi-yu, yuragi orqasiga tortib ketdi. Otasining charm kurtkali bu odamga bosh egishiga, uning oldiga tushib koʻllarini orqaga qilib uydan chiqib ketishiga Erkin chiday olmagan boʻlardi. Boshqalar qanday chidayapti ekan, nima uchun ularning yuraklari alamdan tars yorilib ketmayati ekan?

Erkin kechasi bilan shunday oʻylar iskanjasida toʻlgʻandi. Tiz choʻkib oʻtirgan onasini koʻrib, unga talpindi. Charm kurtkali odam yoʻlini toʻsib, bilagini mahkam siqdi:
— Onangga achinsang, oltinlar bilan qogʻozlarning qaerdaligini ayt,-dedi hukmdor ohangda.
— Bizda oltin boʻlmagan, qogʻozlarni yoqib yuborganmiz.
— Ha, yaxshi. Bu yerda bir gap chiqmaydi shekilli. Sen men bilan birga ketasan. Suhbatni idorada davom ettiramiz. Senlar «enkevede» nima ekanini hali bilmas ekansanlar. Koʻzlaringni ochib qoʻymasam boʻlmaydi.
— Biz oʻrtoq Stalinga shikoyat qilamiz. Siz hali javob berasiz!-dedi Erkin qat'iylik bilan.

Javlon «Ilonning bolasi - ilon, chayonning bolasi - chayon», deb ijirgʻandi-da, Erkinni siltab, nari itardi. Onasi uyda dod deganicha qolaverdi.

Idoradagi suhbat eski eshikning bir me’yordagi gʻijirlashi kabi davom etib, Erkinning asab torlarini burdalab tashladi.U odam uydagi oʻsha savollarni erinmay, bir xil ohangda takrorlayverdi. Erkin ham bir xilda javob qaytaraverdi. Oqshomga borib ikkovi ham oʻlarday charchadi. Oqibat - Erkin qamoqxonaga, Javlon esa uyiga yoʻl oldi...

«Oyim nima qilishlarini bilmay oʻtirgandirlar,-deb oʻyladi Erkin.-Ogʻzim quriyapti, suv soʻrasammikin? Nima deb soʻrayman? Shulardan soʻraymanmi?..»

Erkin uvadaga oʻranib, ochlikdan sillasi qurib, tashnalikdan entikib oʻtirganida onasi qamoqxona atrofida zir qaqshab yurgan edi. Kunduzi ichkaridan tayinli bir gap chiqmagach, uyiga qaytib, osh pishirib, togʻorachaga suzib kelgan, bir «insofli odam» bu oshni Erkinga berib qoʻyaman, deb olganicha dom-daraksiz ketgan edi. Ona bechora «endi oʻgʻlim och qolmaydi», deb bir oz ovungan, shu devor ortidagi xonada uch azamat bir boʻlib togʻorachadagi oshni ishtaha bilan yeb tashlaganidan esa bexabar edi.

Qosh qorayganda Javlon chiqdi. Onaning «bolam qani?» degan savoliga «soʻroq tugamadi», deb toʻng javob qaytardi-yu, avtomobilga oʻtirib joʻnavordi.

Ertasiga ertalab Javlon qoʻngʻir binoning sovuq devoriga suyanib, mudrab oʻtirgan onani koʻrib, uni chaqirdi:
— «Enkevede» bilan oʻynashma, devdim-a?-dedi poʻpisa ohangida. Uning birdaniga sensiray boshlagani onani sergaklantirdi. Koʻngli bir shumlikni sezib, «yana nima derkin?» degan xavotirda gapining davomini kutdi.
— O'jarlik qilma. Bolang meni haqoratladi. Ilonning bolasi - ilon, dushmanning bolasi -dushman. «Uchlik»ning hukmi bilan uzo-oqqa ketadi. O'ylab ish qil. Esingni yigʻsang bolangni qutqarib qolarsan, boʻlmasa, oʻzingdan koʻr.
— O'gʻlimni bir koʻray...-Ona talab ohangida gapirmoqchi edi, lekin titroq ovozi oʻziga boʻysunmadi.
— Mumkin emas. Qogʻozlarni qaerga yashirgansan, oltinni-chi?
— Axir aytdim-ku?
— Sening bu laqillashingni onang koʻtaradi. Men emas. O'yla, kechgacha oʻyla. Bolani tuqqan ham oʻzingsan, oʻldiradigan ham oʻzingsan, bilib qoʻy!

Bu gaplarni aytgandan koʻra onaning koʻksiga bir-ikki oʻq qadaganda mushtiparning qalbi bunchalar poralanmas edi.

Ona ikki oʻt orasida qovrilib qolaverdi. Axir u nimani oʻylaydi? Eri qaro yer bagʻrida yotgan boʻlsa... Uni tiriltirib olib kela olmasa... Tiriltira olganida ham bu mal'unning koʻliga topshiradimi? Nima uchun topshiradi? Nima gunohi bor ekan u shoʻrlikning? Oq podsho zamonida necha oʻlimdan qolgan edi. Bu zamonda oʻlib ham qutulmasa... «Oltinni topib ber», deydi. Oltinning nomini eshitgan, oʻzini esa umrida koʻrmagan boʻlsa... Ortiqcha besh-oʻn tangalari boʻlganda toʻngʻichlarini omon saqlab qolishmasmidi. Yigit yoshida bu dunyodan hech nima koʻrmay ketdi bechora. Paxta terimiga chiqib, oʻpkasini shamolga oldirib qoʻydi-yu,

oʻnglanmadi, qiynala-qiynala jon berdi. Ota boyaqish «yurtim, xalqim», deb yuravergan ekan. Boladan ajraldi-yu, yurti, xalqi u yoqda qolib, oʻz joni ham koʻziga koʻrinmadi. Ustidagi motam libosini yechmay, bolasi ortidan ketdi...

«Erkinjon bolam, onang men bilan turmush qurib roʻshnolik koʻrmadi, sen uni oʻksitma». Uning ketar chogʻidagi vasiyati shu boʻldi. Ana endi onasini boshida koʻtarib yurishi, noxush shamollardan asrashi, bu mushtiparga baxt nima ekanini anglatishi zarur boʻlgan farzand shu sovuq gʻishtin bino ichida oʻtiribdi. Nima qilyapti u yerda, uni qiynashyaptimikin, yo...

Shu fikrning oʻzidanoq ona yuragi potirlab, yorilib ketay dedi.

Kechgacha oʻylashi kerak... Koʻmilgan qogʻozlarni, kitoblarni berib yuborsa qutularmikin? Yo «nimaga berkitgansanlar, bir ayblaring bor», deb battar qilarmikin?

Ona nima qilarini bilmay turganida, katta eshik ochilib, bir askar koʻrindi. U yoq-bu yoqqa alangladi-da, soʻng unga yaqinlashdi.
— Mirabbosova senmisan?-dedi u dagʻdagʻa ohangida.
— Menman...-dedi ona siniq ovozda.
— Uyingga joʻna. Hali kechqurun borishadi. Jilmay oʻtir. Buyruq shunaqa.
— O'gʻlim... O'gʻlim-chi?- deb soʻradi ona, umid chinnisi singan odam ovozida.
— O'gʻlingni bilmayman. Bor, joʻna.

Ona uning ma’nosiz koʻzlariga umidvor nigoh bilan boqib, jindak boʻlsa ham mehr izladi. Yoʻq, mehr topmadi. Bu askarning qarashlari sovuq, koʻz kosasiga ikkita muz parchasi solib koʻyilgandek edi.

Ona undan uzoqlasha boshladi. Oyoqlari toshday zil, bosishga majol yoʻq edi. U ancha vaqtgacha orqadan ovoz kelib: «Toʻxtang, ana, oʻgʻlingiz chiqyapti. Birga ketasizlar», deyilishini ilinj bilan kutdi. Ozgina yurgach, hali soʻnmagan umid uni toʻxtab, ortiga oʻgirilishga majbur etdi. Qaradi: muz koʻzli askar koʻrinmadi.

«...nimaga borishadi? Nimaga kechqurun borishadi?..» degan savol uni xayolning turli xavotir koʻchalariga boshladi. Uyiga yaqinlashgach, «bolajonimni qoʻyvorishgan boʻlsa uyda kutib oʻtirganmikin?» degan umidli xayol chaqmoq singari yarq etib, zulmat koʻngliga yorugʻlik berdi. Zil-zambil oyoqlari hatto yengillashganday tuyuldi. Shoshib eshikni ochdi. Hovlidan Erkinning «Oyijon!» degan ovozi eshitilganday boʻldi. Onaning yuragi yana potirladi. Nafasi qaytib, koʻzlari tindi. Erkini, Erkinjoni yana bir marta «Oyijon!!» dermikin, deb kutdi. Yoʻq, hovli huvillab yotardi. Ona uyiga sigʻmay, koʻchaga chiqdi. O'zi bilmagan holda akasinikiga qarab yurdi. Akasi uyda ekan. Uni sal choʻchibroq qarshi oldi.
— Nimaga kelding, bunaqa paytda uyda oʻtirish kerak. Orqangdan odam tushgan boʻlsa...-u shunday deb koʻcha eshikni qiya ochib, tashqariga moʻraladi.
— Oyimni olib ketaman. Anavilar...kechqurun kelisharkan. Yolgʻizman... qoʻrqaman...-dedi ona siniq ovozda. Bu yerga u dalda ilinjida kelgan edi. Akasining koʻrqayotganidan bildiki, daldaga umid qilish - choʻkayotgan odamning xasga yopishishiday bir gap. O'z akang shunday deb tursa...

Kampir qizini bagʻriga bosib, hoʻng-hoʻng yigʻladi.
— Kecha oqshom eshitganimdan beri adoyi tamom boʻldim, boray desam, akang omon boʻlgur koʻymaydi. Zamon ogʻirlashib ketganmish, nima qilay, qon yutib oʻtiribman.
— Anavilar kechqurun kelisharmish, yolgʻizman...
— Boraman, bolam, boraman. Bu yerda qon qaqshab oʻtirishga boshqa toqatim yetmaydi.

Onasining bu qaroridan keyin akasi yon bosishga majbur boʻldi, biroq, shart qoʻydi:
— Sen ketaver, birga yurganinglarni begona koʻz koʻrmasin, orqangdan oʻzlari yetib boradilar.



Muz koʻzli askarning buyrugʻiga itoat etgan ona qamoqxonadan uzoqlashayotgan damda qoʻllari orqaga qayrilgan Erkin Javlonning xonasiga kirib kelgan edi. Javlon bu oʻjar yigitchaning koʻzlaridan nimanidir uqmoqchi boʻlganday qattiq tikildi. Erkinning koʻzlarida uyqusizlik, ochlik azobi zohir edi. Javlonga huddi shu kerak: bola azobga bandi boʻlganmi, yoʻqmi - shuni bilish istagida tikilgandi. Izlaganini topib, yuziga gʻolib odamning masrur kulgusi yugurdi.
— O'tir, onang ovqat olib kelibdi, yeb ol,-dedi u muloyimlashib.

Erkin stol ustidagi tunuka kosa, bugʻi koʻtarilib turgan shoʻrva, bir burda nonni koʻrib, yutindi. Lekin sir boy bergisi, bu odamning marhamatidan foydalangisi kelmadi.
— Qornim toʻq.-deb yuzini chetga burdi.

Javlon unga yaqinlashib boʻynidan ushladi-da, stol tomon itardi.
— O'tir, yeb ol, tirrancha! Senga kim qoʻyibdi arazlashni. Qorningni toʻygʻazib, bitta savolimga javob bergin-u, joʻnab qol, onang kutib turibdi koʻchada.

Erkin oʻtirib, qoʻliga qoshiq oldi. Shoʻrva tomogʻini kuydirib oʻtdi. Shoʻrva nihoyatda shoʻr edi. «Mayli, bir-ikki qoshiq ichay, yana sulayib chiqmay koʻchaga...» deb oʻyladi u. Shu payt askar yigit qaynab turgan samovar olib kirib koʻydi. «Choy ham berarkan», deb koʻnglidan oʻtkazdi Erkin. «Yana bir qoshiq... keyin ichmayman...» deb oʻtirib, kosani boʻshatdi. Shundan keyin ichi yona boshladi. «Bu odam nega choy damlamayapti?» deb kutdi. Javlon esa samovarga hatto qarab hamqoʻymadi.
— Qorning toʻydimi? Endi ayt: otangning qogʻozlari, kundaliklari qaerda?
— Yoqib yuborganmiz.

Kechagi savol-javob, kechagi tomosha qaytadan boshlandi. Yoʻq, tomosha aynan kechagiday emasdi. Kechagi dadilligi endi Erkinni tark etgan, aksincha, uyqusiz oʻtgan ikki tun, ochlik azobiga qoʻshilgan tashnalik hukmini oʻtkaza boshlagan edi. U oʻzini arang tutib turardi.
— Dadangning kundaliklarini oʻqiganmisan?
— Yoʻq...
— Unda nima uchun yoqding?
— Keraksiz qogʻozlar deb oʻylabman.
— Bekor aytibsan! O'qigansan. Bu kundalik otangni xalq dushmani sifatida fosh qilib qoʻyishidan qoʻrqqansan.
— Dadam dushman emas edilar! -Erkin shunday deb baqirib, shart oʻrnidan turdi. Lekin Javlon uni yelkasidan changallab, joyiga bosib oʻtqazdi.
— Men oʻqiganman, otangning kundaligini. Dushmanlik ufurib turgan satrlari hali yodimdan koʻtarilgani yoʻq: «Xalq nochor, xalq yupun, xalq oʻlim toʻshagidagi bemor. Bunga sabab: yumshoq oʻrindiqda kekirib oʻtirgan oʻrtoqlarning oʻzlari dumba chaynab, chandirni xalqqa otishi, qaymoq yalab, shildir suvni xalqqa berishi, palov oshalab, yuvindini xalqqa ravo koʻrishidir...» Shularni otang yozgan, a? Ha, yozgan. Sen esa oʻqigansan, oʻqib turib fikring zaxarlangan. Bunaqa gaplarni faqat dushman aytadi. Qani oʻsha kundalik, qaerga yashirding? Yoqib yuborganingga ishonmayman. Baribir topaman. Sening esa teringni shilib, ichiga somon tiqaman. Onangni esa oyogʻidan osaman. Ayt!
— Yoqib yuborganmiz...

«Hozir sen bolani shunday sayratayki...»

Javlon samovor qopqogʻini ochib, tomizgʻichga qaynoq suv toʻldirdi-da, Erkinning orqa tomoniga oʻtdi. Yigitchaning boshiga bir tomchi qaynoq suv tomizdi. Kutilmagan ogʻriqdan Erkin sakrab tushdi. Qaynoq tomchi miyasidan kirib, tovonidan chiqqanday boʻldi. Javlon uni yelkasidan bosib, joyiga oʻtqazgach, boshiga yana bir tomchi qaynoq suv tomizdi. Erkin bu safar dod deb yubordi. Dahlizda kutib turgan askar ichkari kirib, Erkinning qoʻllarini qayirib, stul suyanchigʻiga bogʻladi. Javlon bir necha nafasdan soʻng yana qaynoq suv tomizdi. Erkin bu azoblarga uzoq dosh bera olmadi - hushidan ketdi.

Erkinni ikki askar suyab olib chiqdi. Javlon uning orqasidan qarab zaxarxanda bilan «Tirrancha!» deb soʻkinib qoʻydi-da, telefon dastagini koʻtardi:
— Vadim Akopovich, tergovni tugatdim. Mirabbosovning xalq dushmani ekani tasdiqlandi. Ha, uzoq yillar mobaynida bolshevik niqobida yurgan. O'n toʻqqizinchi yilda Buxoro amiri bilan shaxsan uchrashgan. Shundan beri Sovet hokimiyatiga qarshi pinhona ravishda kurashib kelgan. Siri fosh boʻladigan paytda oʻzini oʻzi oʻldirgan. O'gʻlining ozodlikda qolishi sovet hokimiyati uchun gʻoyat xavfli. Dunyoqarashi aksilinqilobiy... Ha, ashaddiy millatchi! Fikrimmi?.. Qamoq muddatini kamida yigirma besh yil deb belgilash. Ha, ikki soatdan keyin «uchlik»ning qarorini tayyorlab, huzuringizga kiraman.

U telefon dastagini qoʻygach, chuqur tin oldi. «Bir paytlar mening urugʻimni quritmoqchi edi. Sal vaqtliroq oʻldi-da, urugʻ quritish qanaqa boʻlishini koʻrib ketardi», deb oʻzidan oʻzi quvondi-da, «millatchi unsur Erkin Mirabbosovni yigirma besh yil ozodlikdan mahrum qilish» haqidagi uch kishidan iborat hay'atning qarorini yoza boshladi.

Erkin muzday xonada oʻziga keldi. Qaddini koʻtarib, boshini ushlab koʻrdi. Nazarida boya charm kurtkali odam boshiga oʻtkir mixlarni qoqib tashlaganday boʻlgan edi. Hozir negadir ogʻriqni sezmadi. Ammo tashnalik azobi burovga oldi. Koʻkragini muzday toshga berib yotdi -halovat topmadi. O'rnidan turdi. Yuzini devorga bosdi - orom ololmadi. Soqchini chaqirib, suv soʻramoqchi boʻldi. Bir qadam bosdi-yu, toʻxtadi. «Bularga yalinmayman!» deb joyiga qaytdi. Shunda... quloklari ostida suvning mayin va yoqimli jildirashi eshitilganday tuyuldi. Hovlilarining naq belini kesib oʻtuvchi ariq koʻziga koʻrindi: suvi tip-tiniq... ariq tubidagi qizgʻish oʻtlar xuddi qizlarning qirqkokiliday bilanglaydi. Hozir... onasi tandirdan uzgan nonni suvga tashlab, oqizoq qiladi, soʻng ariq labiga koʻkragini berib yotib olib, suvni simirib-simirib ichadi...

Tasavvuridagi suv tashnalik azobini battar oshirdi. Erkin koʻzlarini chirt yumib, quloqlarini kaftlari bilan berkitib oldi. Shu ahvolda uzoq oʻtirdi. Azoblarni eslamaslikka, boshqa voqealarni oʻylashga harakat qildi. O'ylari aylanib kelib, soʻroqqa taqalaverdi.

Shuncha azoblar yetamaganday koʻngli behuzur boʻlib oʻqchidi. Qorni burab ogʻrib, bukchayib qoldi. Koʻz oldiga, xuddi kechagiday, yana qonli daryo kelib, qamoqxona shu daryodagi pachoq kemaday chayqala boshladi. Erkinni bagʻriga olgan bu pachoq kemani bir ozdan soʻng zimiston yutdi. Shunda oʻzini sal yengil xis qilganday boʻldi. Ammo bu hol uzoq choʻzilmadi. Koʻzlarini ochib yana sovuq devor, temir eshik, temir panjarali darchani koʻrdi. Ichaklarini bir nima ayamay yondiraverdi. Qulogʻi ostida shildirayotgan suv endi sharshara kabi shovulladi. Tasavvuridagi ariq kengayib, anhorga aylandi. Anhor suvi koʻpirib, toshib, qamoqxona tomon oqa boshladi. Darvozalarni buzib kirib, temir panjarali darchaga yetib keldi. Erkin beixtiyor ravishda tepaga qarab, ogʻzini ochdi. Koʻziga koʻringan suv anhordan oqib kelgan emas, balki xayolidan toshib chiqqan edi. Buni anglab, alamdan dod deb yuboray dedi. Devorga musht urdi. Tiz choʻkib oʻtirib oldi. Keyin ichi kuygandan kuyib, bir oz orom olarman degan maqsadda yalangʻoch koʻkragini sovuq toshga bosdi. Ichidagi olov alangasi pasaygandek tuyuldi. Endi yuzini ham toshga qoʻydi. Nazarida tosh namdek edi - tilini chiqarib, toshni yaladi. Bu chora ham ozgina muddatgina foyda berdi. Ichidagi otash toshdagi muzdan gʻolib keldi. Erkin endi soqchini chaqirib yordam soʻrashni oʻylamas edi. Charm kurtkali odamning tergovini ham eslamasdi. U azob toʻlgʻogʻiga butkul bandi boʻlgan edi. U tosh ustida tipirchilay-tipirchilay holdan ketdi. Tashnalik ham, ichaklarining burab tortishi ham barham topganday tinchidi. Ma’nosiz boqayotgan koʻzlarini temir panjarali darchaga qadadi. Uning lablari yemish kutayotgan polopon ogʻzi kabi ochiq edi. Ogʻir mehnat qilib horigan odamday kalta-kalta nafas olar edi.

U darchaga qarab najot kutar edi. Temir panjaraga parvo qilmay yorib kirayotgan yorugʻlik bilan nahot najot ham kirmasa, nahot bir tomchigina suv tushmasa? Onasi koʻchadamikin? Baqirsa eshitarmikin?

Erkin baqirmoqchi edi - ovozi zaifgina xirqiradi. Boshi aylanib, koʻzlarini yumdi. Koʻzini ochib... temir panjara ortida akasini koʻrdi. Qaldirgʻoch moʻylov yarashib turgan oʻsha mehribon chehra. O'sha mehribon jilmayish...

«Ukajonim, senga nima boʻldi?»

«Akajon, suv bering, yonib ketyapman...»

«Bir hovuchgina suv qolibdi, ma, ich...»

Derazadan sochilgan suv tosh ustiga toʻkildi. Erkin ogʻzini ochganicha qolaverdi.

«Nimaga keldingiz, aka? Axir siz...»

«Seni qiynashayotganini bilib keldim yoningga. Kiynalsang ham chida, aytib qoʻymagin. Dadamni badnom qilishmoqchi bular. Kundalikdagi gaplarni bilasan-ku?»

«Bilaman. Odamlar bekordan-bekorga quloq qilinyapti, odamlar bekordan-bekorga azobga tortilyapti», deganlar. Bular meni oʻldirishsa oʻldirishsin, lekin sir olisholmaydi».

«Ha... oʻlsang - oʻl, lekin ayta koʻrma. Sen erkaksan. Senda kuchli iroda bor. Ular irodali odamlardan koʻrqishadi. Shuning uchun qiynashyapti. Sen chida. Men yana suv olib kelaman...»

Akasi koʻrinmay qoldi. Erkin koʻzlarini yumdi. Akasining ovozini yana eshitib, koʻzlarini yalt etib ochdi. Akasi hovuchidagi suvni toʻkdi. Suv pastga yetib kelmadi, zarralarga boʻlinib, sochilib ketdi.

«Aka, sizlarning oldingizga borgim kelyapti, nima qilay?»

«Kela qol, ukajonim. Dadam ham aytib yubordilar, seni sogʻindik. Sen bilagingdagi tomirni tishlab uz. Shunda bizning oldimizga hur qush boʻlib uchib kelasan. Boʻla qol, seni sogʻinib-sogʻinib kutyapmiz...»

Erkin koʻzini yumib-ochdi, akasi koʻrinmadi. Bilagini asta tishladi. Joni ogʻrib, qoʻlini tortib oldi. Badanidagi ogʻriqlar yana qoʻzgʻolib, tosh ustida tipirchilay boshladi. Akasining gaplari quloqlari ostida qayta jaranglagach, jon achchigʻida bilagini tishladi - bu safar ogʻriq sezilmadi.Tishini qattiqroq botirdi. Aql-hushini yoʻqotayozgan Erkin bilagini shartta-shartta tishlayverdi. Tomiridan otilgan iliq qon yuziga tegib, koʻngli behuzur boʻldi. Tasavvuridagi daryoda suv emas, qon mavj urdi. Qon mavjlari ustida qamoqxona, qamoqxona ichida esa Erkin chayqaldi. Chayqala-chayqala hushidan ketdi. U akasi aytganiday yengil uchdi.

Ucha-ucha dadasi tomon yoʻl oldi.

***


Ayni bu damda Javlon ularning hovlisida itning yogʻoch uyini surdirib, xumni kavlatib oldirdi. Qogʻozlar ichidan keraklisini topib, koʻngli ravshanlashdi. «Javlon Jabborov unsurlar toʻdasi bilan yashirin til bogʻlaganini boʻyniga oldi. Aybini qon bilan yuvishga ont ichdi. Hay'at uning qasamini inobatga olib, bolsheviklar safida bir yillik sinov muddati bilan qoldirdi. Majlis raisi Mirabbosov... 1919 yil».
— O'gʻlim qachon keladi?-dedi ona Javlonga umidli nigohini qadab.
— Kut, keladi,-dedi Javlon e’tiborsiz ohangda. Keyin qogʻozlar, kitoblar bogʻlamini koʻtargan askar yigitlar orqasidan yurib, koʻchaga chiqdi.

Ertasiga hovli huvilladi: tongda onani ham olib ketdilar.

  1. Asl nomi «NKVD» - «Narodniy komissariat vnutrennix del». Keyinchalik «SSSR Ichki ishlar ministrligi» deb nomlangan.