OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Tohir Malik. Falak (qissa)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiFalak (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm232KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/22
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Falak (qissa)
Tohir Malik

«
— Asl oltin olish uchun inson qoni darkor...
— Qonni qaerdan olding?
— Oʻzimdan.
— Sen oʻz qoningni hamisha ishlatavermaysan-ku?
— Men asl oltindan har doim uzuk ham qilmayman.
— Bundan buyon oltinga inson qoni ishlatishingni man etaman. Inson qonini toʻkmak tanbehga loyiq ishdir. Va bunday qiluvchi kishining umri qisqa boʻlur. Ulugʻbek saltanatida inson qoni bezak uchun toʻkilmasligi darkor.
»

Topilma

Uch kundan beri ezib yogʻayotgan yomgʻir tindi. Kun botarda qonga belangan ufq endi havoning ochilib ketishini va’da qilgan edi. Lekin magʻribdan esib turgan shamol koʻp oʻtmay yana qora bulutlarni haydab keldi. Yulduzlarning yuzi toʻsildi. Havo aytarli sovuq emas, biroq kuchsiz izgʻirin badanni junjiktiradi.

Aeroportda navbatchilardan boʻlak hech kim qolmadi. Shahar tomondan kelgan boʻsh avtobus haydovchisi bino eshigi ogʻzida turgan Sultonga «chiqarmikin» deganday bir-ikki qarab qoʻydi. Keyin signal berdi-da, yana shaharga yoʻl oldi.

«Oxirgisi boʻlsa kerak... — oʻyladi Sulton, — nega hech kimdan darak yoʻq? Aslida mehmonxonaga tushaversam boʻlar ekan. Yo reysni notoʻgʻri angladimi? Qani, soʻrab koʻray-chi...» U ichkari kirib, navbatchiga yaqinlashdi.
— Kechirasiz, singlim, kunduzi hech kim Sulton Umrzoqovni yoʻqladimi?
— Umrzoqov deysizmi?.. Yoʻq.
— Telefon ham qilmadimi?
— Yoʻq.

Sulton rahmat aytib orqasiga qaytdi-da, «yana bir oz kutay-chi», deb pastak kresloga oʻtirdi. navbatchi qiz telefonda kim bilandir gaplasha turib, chakkasidagi sochlari bir tekis oqargan xushmuomala bu yoʻlovchiga qarab-qarab qoʻydi. Keyin telefon goʻshagini joyiga ila turib, dedi:
— Sizni biror kishi kutib olishi kerakmidi?
— Ha.
— Boradigan joyingizni aniq bilmaysizmi?
— Bilaman. Buloqboshiga borishim kerak.
— Xiyla uzoq ekan. Shaharda boʻlsa taksi chaqirib berardim.
— Chaqiravering.

Bugun ertalab Sulton Armanistonda edi. U ikki haftadan beri hamkasbi professor Teos Akopyanning iltimosi bilan yangi ochilgan gʻordagi buyumlarni, devorlaridagi suratlarni oʻrganishga koʻmaklashardi. Ertalab telegramma keldi. «... Buloqboshidagi qabristonni kovlashda ajabtovur buyum topildi. Tez yetib keling. Sizni Andijonda kutib olaman. Asad Mullaev».

Asad Mullaev Sultonning iste’dodli shogirdlaridan, ba’zi topilmalarni tekshirishni Sulton koʻproq shu shogirdiga ishonardi. U telegrammani oʻqiboq, yangi jiddiy ish boshlanajagini angladi. Asad mayda-chuyda narsalar uchun ustozini bezovta qilavermasdi. Sulton hamkasbidan uzr soʻrab Toshkentga qaytdi.

Havoning aynigani sabab boʻlib, Andijonga bir yarim soat kechikib keldi. Ikki soatdan beri aeroportda Asadni kutadi. Aksiga olib, chaqirilgan taksi ham bu yerga bir soatdan soʻng kelarkan...

Shu payt tashqarida yuk mashinasi toʻxtadi. Sulton «keldi shekilli» deb oʻrnidan turdi. Yanglishmabdi. Eshik shaxt bilan ochilib Asad koʻrindi.
— Uzr, domlajon, — dedi u shoshib kelib koʻrisharkan, — mashina pand berib qoʻydi.
— Hechqisi yoʻq. Ketdikmi? — Sulton shunday deb eshik tomon yurdi. Soʻng taksi buyurgani yodiga tushib, orqasiga qaytdi:
— Singlim, sizni yana bezovta qilaman. Endi taksiga hojat yoʻq.

Tashqarida yomgʻir sevalay boshlagan edi. Bogʻi Shamolga yetishganda yomgʻir qorga aylandi. Yoʻlning oʻng tomonida adir qorayib koʻrinar, yalangʻoch daraxtlarning shoxlari iltijo bilan choʻzilgan panjalardek harakatsiz turardi. Buloqboshi yoz kunlari dilxush oromgoh boʻlguchi shu adirning ortida.

Sulton shogirdiga qaradi. U yoʻldan koʻz uzmay boryapti. Motorning bir maromda guvillashi quloqqa chalinadi. Mayda qor uchqunlari oynaga uriladi. Tozalagich shu zahotiyoq ularni surib tashlaydi. Goʻyo mashina bilan qor jang qilayotganga oʻxshaydi.

Asad kech qolgani uchun izza chekib, domlasiga koʻp gapirmadi. Hol-ahvol soʻrash bilan cheklandi. Sulton shogirdini xijolatdan qutqarish uchun uni gapga tutdi:
— «Ajabtovur buyum» nima ekan?
— Toshtobut, — dedi Asad domlasiga tezgina qarab olib.
— Toshtobut?
— Ha. Eski qabristonni buzayotganlarida topishibdi. Bizga xabar qilishdi. Men kecha kelgandim. Ikkita toshtobutni kavlab oldik.
— Sanasi aniqmi?
— Aniq. Oʻn beshinchi asr.
— Temirzodalarnikimi?
— Bu haqda ma’lumot yoʻq.

Chorak soatlardan soʻng ular Buloqboshiga yetishdi. Shaharchada toʻxtamay, yuqorilashdi. Mashina katta koʻcha borib taqalgan qabriston oldida toʻxtadi. Ular chiroqlar yonib turgan tomonga loy kechib borishdi. Chodirdan ikki kishi chiqib, ularni kutib oldi. Sulton bu yigitlarni tanidi. Ular Asadga biriktirilgan talabalar edi. Asad ustozini tuproq uyumining orqasiga boshladi. Yigitlardan biri toshtobut ustidagi choyshabni koʻtardi. Sulton yaqinlashib, arab alifbesida oʻyib yozilgan xatga tikildi. Keyin ovoz chiqarib oʻqidi:
— Jannatiy alloma Shamsibek Ismoil oʻgʻli xusuf kuni shahid boʻldikim, qotili ahli mutaassib erur. Vollohi a’lam, bissavob. Oʻn beshinchi zu-l-qa’da 8... hijriy yil». Ajab, bu Ulugʻbek davri-ku? Toshtobutlar bu yerga qanday kelib qoldi ekan?
— Muzeydagilar ham yetib kelishgan, ularga nima deymiz?
— Shoshmay turishsin. Toshtobutlarni Toshkentga yuborish kerak. Biofizika institutidagi professor Alievning tajribaxonasini bilasiz-a? Oʻsha yerga yuboring. Keyin ma’muriyatga ayting, ekskavator solmay turishsin. Bu yerlarni jiddiyroq oʻrganish kerakka oʻxshaydi.

Sulton shunday deb iziga qaytdi.
— Mehmonxonadan joy tayyorlab qoʻyganmiz, — dedi Asad.
— Oʻsha yerdan Toshkentga qoʻngʻiroq qilish mumkinmi?
— Ha, telefon bor.

Sulton idora yonidagi mehmonxonaga joylashdi. Ivib qolgan shlyapasini, yomgʻirpoʻshini qoziqqa ilgach, soatiga qaradi: ikki yarim boʻlibdi. Telefon qilsammi yo ertalab gaplashsammi, deb birpas ikkilanib turdi-da, goʻshakni koʻtardi.

Biofizika institutining yetakchi olimlaridan boʻlgan professor Jahongir Aliev bu damda elallomaning elektron miyasi qogʻozga tushirgan satrlarni tahlil qilib oʻtirardi. Jahongir bu hayratomuz kashfiyotini yaratishga kirishganida asosiy vazifa — asbobni ixtiro qilish, uyogʻi tarixchilar bilan kriminalistlarning ishi deb oʻylagan edi. To elalloma yaratilguncha uning sochlari toʻkildi, peshonasiga uch-toʻrt chiziq tortilib, tajang odamga oʻxshab qoldi. Nihoyat, yigirma yillik mehnati oʻtgan oyda ilk samara berdi. Elalloma toʻrt kun burun vafot etgan odamning ruhiy dunyosini toʻla tiklay oldi. Biroq, bir necha yillik murdani oʻrganishda asbob koʻp gʻoʻngʻilladi-yu, tayinli gapni kam yozib chiqardi. Elalloma suyaklari chirib qolgan murdaning faqat ismiyu olamdan koʻz yumgan yilini aniqlab berdi. Asbob tarixga murojaat etgan sari ishga yaroqsizlanib, professorning umidini bulut pardasiga oʻrab qoʻyayotgan edi.

Jahongir satrlarga tikilib, shu haqda bosh qotirib oʻtirganida telefon jiringladi. Goʻshakni koʻtardi. Sultonni ovozidan tanib, ajablandi.
— Tinchlikmi? — dedi u salom-alikni unutib.
— Tinchlik. Men senga Buloqboshidan telefon qilyapman.
— Buloqboshidan?
— Ha, Armanistondan toʻgʻri shu yerga keldim. Gʻalati narsa topildi. Bu yerdagi goʻristonni buzishayotganidan xabaring bormidi?
— Yoʻq. Bir haftadan beri tahlil bilan bandman. Nima topilibdi?
— Ikkita toshtobut chiqibdi. Yozuviga qaraganda tobut ichida Shamsibek ismli shahid alloma yotibdi. Ikkinchisida Mahfuza ismli ayol. Toshtobutlarni tajribaxonangda ochsak, devdim. Ertaga Toshkentga joʻnataman. Kutib ol. Oʻzim kechga yaqin yo indinga ertalab yetib boraman.

Doʻstining yarim tunda yetkazgan bu yangiligi Jahongirning tinchini oldi. Ertalab tajribaxonaga borib, toshtobut ortilgan mashinani oqshomgacha kutdi. To uni tushirib, ichkariga olib kirishgunlariga qadar Sulton ham yetib keldi.

Toshtobut

Katta xonaning ikki qavat shaffof plastmassa oynak bilan oʻralgan yeriga tobutlarni qoʻyishdi. Jahongir uch quloch kattalikdagi boshqaruv stoliga yaqinlashdi-da, oʻng tomondagi rang-barang murvatlarning birini buradi. Shaffof oynak tutashgan xona devorining bir tomoni yigʻilib, tobut turgan yerga xunuk maxluqni eslatuvchi manipulyator-robot kirib keldi. Manipulyatorning qovurgʻaga oʻxshash boshqaruv uskunalari joylashgan uzun toʻrtburchak «gavda»siga toʻrtta temir oyogʻu ikkita «qoʻl» ulangandi. Uning oyogʻi sakrashga chogʻlanib turgan chigirtkani eslatar, ikkita «qoʻl»i esa, qisqichbaqa panjasiga oʻxshardi. Qoʻllar orasiga oʻrnatilgan chiroq kezi kelsa lazer toʻpponchasi boʻlib xizmat qilishi mumkin edi. Birinchi manipulyatorning orqasidan yana uchtasi kirgach, devor berkildi. Dam oʻtmay xonaning bu qismidan havo butunlay soʻrib olinib, harorat pasaytirildi.

Manipulyatorlarning harakatini Jahongirning oʻzi boshqardi. Avval uning qoʻllaridagi nurli «pichoq» bilan tobutning chokini «soʻkdilar». Toshtobut bir-biriga juda mustahkam, havo kirmaydigan qilib yopishtirilgan boʻlsa-da, «pichoq» uni sariyogʻ kesgandek tilib oʻtdi. Keyin manipulyatorlar ikkita-ikkita boʻlib, tobutning qopqogʻini koʻtarishdi.

Xonadagilar shaffof oynak oldida toʻplanib, bir zum hayratda qoldilar. Tobutlarning birida shohona libos kiygan yigit yotardi. Ikkinchisida yotgan goʻzal ayol ham shohona kiyimda edi. Ular bir necha yuz yil oldin dunyodan koʻz yumgan odamga emas, hozirgina uyquga ketgan kelin-kuyovga oʻxshashardi. Murdalarning boshi sal koʻtarilgan edi.
— Boshlaridagi yostiqmi? — dedi Sulton Jahongirga qarab. Jahongir «hozir koʻramiz», deb boshqaruv stoliga qaytdi. Murvatni buradi. Manipulyatorlar murdalarning boshini ehtiyotlik bilan koʻtarib, qavatlab taxlangan matolarni olib yoyishdi. Toʻplanganlarning hayrati yana oshdi. Yostiq oʻrniga qoʻyilgan koʻm-koʻk matoda tilla rangidagi ajoyib tasvirlar bor edi. Matolarning ikkovi ham bir xilda boʻlib, oʻrtasida kungaboqarni eslatuvchi katta doira, qolgan yerlarida yulduzga oʻxshovchi belgilar bor edi.
— Kelinlarning palagimi? — dedi xonadagilarning biri.

Sulton yelka qisdi. Jahongir matolarga tikilib qoldi. Keyin:
— Ha, bu falaknusxa palak, — dedi. — Osmonning koʻrinishi. Oʻrtadagi doira — quyosh, doiraga yopishgan halqachalar — uning nuri, doira atrofiga tikilgan koʻpqirra — yulduzning tasviri. Quyosh majmuasiga kiruvchi sayyoralar boʻlsa kerak. Qolgan tasvirlar boshqa yulduzlarni aks ettirgan boʻlsa ehtimol.
— Ajab! U holda bu tasvirga tushirilgan geleotsentrik nazariya boʻlib chiqadi-ku! — dedi Sulton.
— Nazarimda buning ajablanarli yeri yoʻq. Ulugʻbek oʻz risolasida aniq boʻlmasa ham, har holda shu nazariyaga shama qilib oʻtgan.
— Gap Ulugʻbekning fikri toʻgʻrisida emas, falak haqida ketyapti. Falakni Ulugʻbek tikmagandir, axir?
— Qizishma, doʻstim, qizishma. Hozir bahsning oʻrni emas. Tajribani boshlasak, yaqin kunlar ichida hammasi ma’lum boʻladi. — Jahongir Sultonni bilagidan ushlab, eshik tomon boshladi. Keyin toʻxtab, assistentiga yuzlandi: — Haroratni yana pasaytiring. Lekin muzlatib qoʻymang. Hamma narsa tajribani boshlashga taxt tursin.
— Qachon boshlaymiz?
— Balki ertaga, balki bir oydan keyin. Bu aniq emas.

Ular uzun dahliz boʻylab borib Jahongirning chogʻroq xonasiga kirdilar.
— Biror narsa ichging bormi? — dedi Jahongir.
— Yoʻq, ovora boʻlma, — Sulton shunday deb kresloga oʻtirdi-da, oʻng tomondagi radioning murvatini buradi.
— Ishlamaydi, — dedi Jahongir unga qarab, — tajribaxona radiotoʻlqindan muhofaza qilingan.
— Tajriba boshlash muddatini nega noaniq deb aytding?
— Bir qarorga kelolmayapman. Elalloma tarixga qaytgan sari ishga yaroqsiz boʻlib boryapti. Fikrimcha, bu murdalarning chirib qolganidan boʻlsa kerak. Agar yanglishmasam, bu safar toʻla ma’lumot olishim mumkin. Jasad yaxshi saqlanibdi.
— Boʻlmasa boshlayver.
— Yoʻq, bu safar shoshilmayman. Men tajribani yangi usulda boshlash niyatidaman. Shunda asboblarning ishlashi ham, murdalarning ruhiy dunyosi ham toʻla oʻrganiladi. Men elallomalar qatoriga oʻzimni ham qoʻysammikin, deb turibman.
— Oʻzimni deysanmi? Tushunmadim?
— Bu koʻp mushkul ish emas. Kichik operatsiya va miyaga ikki juft jajji elektrod oʻrnatish kifoya. Elektrodning biri tiklovchi elallomadan ma’lumotlarni qabul etsa, ikkinchisi meni faqat tajriba paytida ortiqcha xayollardan xalos qiladi.
— Keyin-chi?
— Keyin... Murdalarning koʻrgan-kechirganlarini qayta tiklayman.
— Elalloma bunga qodir emasmi?
— Toʻla darajada emas. U yuragi bilan his etish, mantiqan tahlil qilish qudratidan mahrum.
— Albatta oʻzing boʻlishing shartmi? Boshqa kishidan foydalansang-chi?
— Masalan?
— Masalan...
— Faqat oʻzingni aytma.
— Buni xayolimga ham keltirganim yoʻq, xavotir olma. Balki, Toʻlqinni taklif qilarsan?
— Toʻlqinni? Uning bu ishga nima aloqasi bor?
— Har holda yozuvchi odam. Elalloma tiklagan ma’lumotlarni durustgina mantiqiy tahlil qilishi mumkin.
— Yoʻq, unga aytolmayman. Tajribadagi butun xavf-xatarni oʻz yelkamga olishim kerak.
— Har holda bir aytib koʻr. Balki oʻzi ham shu istakdadir.
— Istagi boʻlsa, balki uni ham...
— «Uni ham...» emas. Menimcha, tajribang uchun bir kishi yetadi.
— Toʻgʻri aytasan. Mayli, bu haqda keyinroq yana batafsil gaplasharmiz.
— Men erta-indin ekspeditsiya bilan Buloqboshiga joʻnayman.
— Unda oqshom biznikiga kel. Toʻlqinni ham chaqiraylik.
— Yaxshi. Boshqa gaping boʻlmasa, qaytaylik. Tong yorishib qoldi.

Toza havoda yuraylik, deb piyoda ketishdi. Bulutlar koʻk yuzini artib oʻtganday — yulduzlar miltirab yonib turardi. Shahar osmoni doimo shunday tiniq boʻlavermaydi. Yulduzlar soʻnik koʻrinadi. Balki shahar chiroqlarining nuridan shunday tuyular? Bugun chiroqlarni barvaqt oʻchirishibdi.

Yengil izgʻirin ularning yuzlarini chimchilar, yupqa qor oyoqlari ostida gʻijirlardi.

Qilich va qalqon

Oqshom uchovlari jam boʻlishdi. Ular bir koʻchada ulgʻayishib, bir sinfda oʻqigan boʻlsalar-da, intilishlari turlicha edi. Jahongir biofizikani, Sulton arxeologiyani, Toʻlqin yozuvchilikni tanladi. Keksayish pallasiga ham ular turlicha qadam qoʻydilar. Sulton koʻproq yurganidanmi, yo ochiq havoda koʻp ishlaganidanmi doʻstlariga qaraganda baquvvat koʻrinardi. Qotma jussasi, harakati, qarashidagi tetiklik va yashirin shiddat uni ancha yosh koʻrsatardi. Faqat oqargan chakka sochlariyu qisiq koʻzlar chetidagi ajin umrning koʻp qismi ortda qolganidan darak berib turardi.

Jahongir yoshligida ham jikkak edi. Qarigach, yana kichrayganday boʻlib qoldi. Toʻlqin esa doʻstlarining aksi, sochlari qirqni qoralamayoq toʻkilib bitdi. U haddan ziyod semirgan, kichikroq qalam goʻshtdor barmoqlari orasida koʻrinmay ketardi.

Ilgari oyda ikki marta uchrashishni odat qilishgandi. Keyin bir marta, soʻng ikki-uch oyda bir koʻrishadigan boʻlishdi. Umr oʻtgan sayin ish kamayish oʻrniga koʻpayib, uchrashuv va ziyofatlarga vaqt yetishmay qoldi.

Mana bugun ham ikki oylik tanaffusdan soʻng Jahongirning tajribasi bahona boʻlib yigʻilishdi. Avvaliga choy ichib, oʻtgan-ketgan gaplarni eslashdi. Toʻlqin yangi yozmoqchi boʻlayotgan asarini gapirib berdi.
— Bu ishingni tezroq tugat. Jahongir senga yetti uxlab tushingga kirmagan bir mavzu topib qoʻygan, — dedi Sulton.
— Demak, mensiz uchrashibsanlar-da?
— Ha, kecha Jahongirning tajribaxonasiga borgan edim. Uni tabriklashing mumkin.

Toʻlqin oʻrnidan turib quchoq ochdi.
— Nega boyadan beri indamay oʻtiribsan! — deb doʻstini bagʻriga oldi. — Mana endi va’dangning ustidan chiqasan. Yangilikni oʻzim e’lon qilaman.
— Qaysi va’da?
— Ie, elallomangning qurilishini, ish usulini sinovdan oʻtgach tushuntiraman, demaganmiding?
— Degandim. Seni shuning uchun taklif qildim. Undan tashqari, bir maslahatli ish ham bor. Mayli, uni keyinroq aytaman. Boʻlmasa eshit: sodda qilib aytganda, elalloma radiotoʻlqinlarni qabul qilib oluvchi asbobga oʻxshaydi. Ular orasida asosan ikkita farq bor: avvalo, elalloma ulardan bir necha yuz barobar sezgir, ikkilamchi va eng muhimi, elalloma biotoʻlqinlarni qabul qilishga moʻljallangan. Biotok, biotoʻlqin, biomaydon Yerda hayot boshlangandan beri mavjud. Odam gapiradi. Ovoz havo zarralarini ma’lum masofada tebratgach, uni quloq qabul qilib oladi. Bu jarayon radiostantsiyaga va u ajratgan radiotoʻlqinga oʻxshamaydimi? Biotoʻlqinda esa, kuchli radiostantsiya rolini bosh miya bajaradi. Har bir kishining miyasi ma’lum miqdorda toʻlqin ajratadi. Menimcha, shu toʻlqinning kuchi oʻsha odamning buyukligini yo iqtidor darajasini belgilaydi. Miyadan toʻlqin ajraladi, deganimga telepatiya ham asos boʻlishi mumkin. Boshqa bir kishining fikrini oʻqish, yoki fikran buyruq berib, uning harakatlarini boshqarish shu toʻlqin orqali amalga oshiriladi.

Radiostantsiya ishdan toʻxtashi bilan toʻlqin soʻnmaydi. Radiopriyomnik qabul qila olmaydigan darajada kuchsizlanib, ma’lum muddat fazoda yuradi. Ba’zi toʻlqinlar yillab yoʻqolmasligi mumkin. Odam ham shunday. Miya faoliyatini toʻxtatgach, biomaydon butunlay yoʻqolmaydi. Lekin shu yerda bir masala ustida aniq xulosaga kelolmayapman. Men soʻzimning avvalida toʻlqinning kuchi odamning buyukligini belgilaydi, dedim. Agar shu farazim toʻgʻri chiqsa, buyuklarning ruhiy dunyosini tezroq tiklash mumkin boʻladi. Buloqboshidagi qabristondan ikkita toshtobut chiqqan ekan. Kecha ochib koʻrdim. Jasadlar yaxshi saqlangan.
— Tajriba boshlasang men bexabar qolmay, — Toʻlqin anchadan beri ushlab oʻtirgan sigaretasini labiga qistirib gugurt qidirdi. Sulton yonidan yoqqich olib, unga tutdi:
— Agar istasang, tajribada bevosita ishtirok etishing mumkin.
— Qanday qilib? Men texnikani yaxshi bilmayman-ku?
— Bilishing shart emas. Kichik bir operatsiya va miyangga oʻrnatilgan ikki juft elektrod yetarli.

Toʻlqin, hazillashayapsanmi, deganday, Sultonga qarab qoldi. Keyin Jahongirga yuzlandi:
— Bu nima deyapti? Miyaga elektrod qoʻyish taqiqlangan-ku!
— Zarur paytlarda ruxsat olish mumkin.

Toʻlqin endigina yondirgan sigaretasini kuldonga qoʻydi.
— Bu gaping menga toʻgʻri kelmaydi. Miyaga elektrod qoʻyish kashf qilinganidayoq men unga qarshi chiqqanman. Bu gʻayriinsoniy kashfiyot deganman, esingdami?
— Kashfiyot sen oʻylaganday gʻarazli emasdi. Taraqqiyotga, xususan fanga xizmat qiladigan foydali tomonlari ham bor edi.
— Boʻlsa bordir. Lekin men fikrimdan haligacha qaytganim yoʻq. Shuning uchun taklifingni qabul qila olmayman. Har holda bu gap sendan chiqqan. Jahongir bunday ishga qoʻl urmaydi.
— Agar majbur boʻlsa-chi?
— Chin aytyapsanmi? — dedi Toʻlqin hayratini yashirmay. Lekin javob kutmay qoʻshib qoʻydi. — U holda... tajriba uchun zarur boʻlsam...
— Men faqat yozuvchiligingni nazarda tutib tajribani mantiqan xulosalashga yordaming tegarmikin, deb oʻylovdim. Agar oʻzingda xohish tugʻilsa, taklifni qabul qilishing mumkin.
— U holda meni faqat kuzatuvchi va sharhlovchi muxbir sifatida qabul qil.

Ular tajriba xususida boʻlak gapirmadilar.

Mehmonlar ketishgach, Jahongir oʻzida horgʻinlik sezdi. Xonasiga kirib, yechinmay yotdi. Bir ozdan soʻng eshik asta chertilib, xonaga oʻgʻli Jamshid kirdi.
— Dada, kechirasiz, men tasodifan suhbatlaringizni eshitib qoldim. Tajribangizda miyasiga elektrod oʻrnatilgan odamdan foydalanmoqchimisiz?
— Hali bir fikrga kelmadim. Nima edi?
— Elektrodni menga oʻrnatsangiz...

Jahongir oʻrnidan turdi. Oʻgʻlining toʻsatdan bu fikrga kelishiga tushunolmadi. Jamshid yoshligidan otasining kasbiga qiziqardi. Ammo ikkinchi kursda bionikaga havasi ortib, shu sohaga oʻtib ketdi. Endi muhim bir yangilik ustida ish olib borayotgan edi. Jahongir oʻgʻlining ilmga berilganidan xursand, lekin uning mustaqil soʻqmoq izlashidagi harakatidan qoniqmas edi. «Fanda mening etagimni tutma, oʻz yoʻlingdan bor. Chinordan barg uzaman demay, chinor boʻlishga harakat qil», derdi. Jamshid bu oʻgitlarga amal qilar, lekin bari bir, oz boʻlsa-da, otasiga suyanardi. Jahongir oʻgʻlining hozirgi fikridan ham shuni uqdi.
— Sabab? — dedi oʻgʻliga.
— Tajribangizga qatnashsam... balki ilmiy ishimga turtki boʻlar.
— Buning ilmiy ishingga hech aloqasi yoʻq-ku?
— Bilaman, aloqasi yoʻq. Ammo tezlashishiga yordam berarmikin... Axir bu jasoratga bogʻliq narsa...
— Ilmiy ishni tezlatishga shoshilma. Puxtaroq qilishni oʻyla. Jasorat haqidagi gapingni men boshqa eshitmay. Quruq jasorat bilan olim boʻlishni xayol qilsang, boshqa ish bilan shugʻullan.

Jamshid alamidan oqarib ketdi.
— Dada, siz...
— Xoʻsh?
— Siz meni oʻylamayapsiz. Vaqt ketyapti. Tengdoshlarim allaqachan dissertatsiyalarini yoqlab boʻlishgan.
— Demak, ular senga nisbatan qobiliyatliroqdir? Buni oʻylab koʻrmadingmi?
— Oʻylab koʻrdim. Lekin... ilmiy ish, kashfiyot bir joyda toʻxtab qolmaydi-ku? Daraja olingandan keyin ham davom ettirish mumkin-ku? Bir ogʻiz soʻzingiz bilan...

Jahongir qovogʻini uyib, teskari qaradi.
— Menda boʻlak gaping yoʻqmi? — dedi gapini kesib. Jamshid javob bermay chiqib ketdi.

Jahongir bir necha daqiqa harakatsiz turib qoldi. Yoʻq, u oʻgʻlining gaplariga achchiqlanmadi. Jamshid maktabni bitirganidan soʻng bu xildagi yordamni koʻp soʻragan, har safar ham rad javobini olgan edi. Eng avval dorilfununga kirish paytida yordam soʻradi. «Manzilga qadar aravangni mustaqil tortishga koʻzing yetsa kir, boʻlmasa hayotda yashashning osonroq yoʻllari koʻp, oʻshalardan birini tanla», degan javobni eshitsa ham oʻqish istagidan voz kechmadi.

Oʻqib yurgan kezlari talabalarning ilmiy jamiyatida bionikaning kelajagi xususida ma’ruza qildi. Birinchi darajali mukofotni olishga yakkayu yagona nomzod boʻlib turganida, boshqa bir toliba unga nisbatan ustunroq darajada ma’ruza qildiyu mukofotni olib ketdi. Jamshid oʻshanda ham otasidan yordam kutgan edi. Bu safar oʻzi aytishga botinmay, onasini oʻrtaga qoʻygandi. Er-xotin yolgʻiz oʻgʻilning taqdiri xususida oʻzlaricha turli fikrda boʻlganliklari uchun, ikkinchi marta sen-menga borishdi. Shunday boʻlsa-da, Jahongir oʻgʻli va xotiniga bildirmay hay’at a’zolari bilan uchrashgan, har ikki ma’ruza bilan tanishgan edi. Tolibaning ma’ruzasidagi fikrlar, shubhasiz a’lo edi. Qiz fotosintezga asoslanib, quyosh nuridan kiyim va ozuqa olish yoʻllari haqida bir qancha farazlarni ilgari surgandi. Jamshid esa jonivorlarda mavjud boʻlgan exolokatsiya toʻgʻrisidagi umumiy fikrlari bilan cheklangandi. Hay’at Jahongirning obroʻyini inobatga olib, mukofotni Jamshidga berishi ham mumkin edi. Lekin Jahongir bunga yoʻl qoʻyolmasdi. Uning oʻzi hozirgi darajasiga mustaqil, hech kimga orqa qilmay erishgan, oʻgʻlining ham shunday boʻlishini istardi. Xotini oʻgʻlining taqdiri xususida gap ochsa, «ter toʻksin, yengil yutuqqa oʻrganmasin», deb gapga nuqta qoʻyardi.

U oʻgʻlining tirishib oʻqiyotganini bilsa ham, talabni yanada qattiqroq qoʻyaverardi. Qaysi bir yili dorilfunun uni maxsus fan boʻyicha dars oʻtishga taklif etdi. Tasodif uni Jamshidning kursiga roʻpara qildi. Imtihon paytida a’lochi talaba boʻlmish oʻgʻliga toʻrt baho qoʻyganida barcha hayratda qoldi. Jamshid indamadi. Lekin uning uchun ham onasi gapirdi. Oqibatida Jamshid uch kishilik komissiyaga imtihonni qayta topshirdi. A’lo baho oldi. Ana shunda u «otamdan yordam soʻramayman», deb qaror qilgan edi. Lekin oʻqishini bitirgach, otasiga yana roʻpara boʻldi:
— Meni dorilfununda olib qolishmoqchi, — dedi.
— Juda yaxshi. Tabriklayman, — dedi Jahongir.
— U yerda qolish istagim yoʻq.
— Nega?
— Men ilmiy-tekshirish institutining aspiranturasiga kirmoqchiman.
— Nima maqsadda?

Shunda Jamshid otasiga qalin daftar berdi. Daftardan uning bionikaga oid faraz va taxminlari, eng muhimi — exolokatsiyaga asoslangan yangi mashina yaratish fikri jamlangan edi. Jahongir daftarni oʻqib chiqqach, oʻgʻliga oq yoʻl tiladi.

Mana, ikki yildan beri Jamshid aspiranturada. Ularning institutlari yonma-yon joylashgan. Ish paytida deyarli koʻrishmaydilar. Lekin Jahongir oʻgʻliga sezdirmagan holda uning ishidan hamisha boxabar boʻlib turardi. Darhaqiqat, Jamshidning ishi sekin siljiyapti. Nailoj, muammo murakkab, uni osonlikcha hal etish mumkin emas. Lekin oʻgʻli shoshilyapti. Jahongir buni bugungi suhbatsiz ham anglab yurardi. Shoshqaloqlikning boisini izlardi. Barcha fikrlari uni «shuhratparastlik» degan tushunchaga olib kelardi. U oʻgʻlida gʻalaba nashidasidan mast boʻlib yurish, shuhrat libosiga oʻralish fikrlari borligini koʻp yil burun payqagan edi. Shuhrat ketidan quvishning yomon natija bilan tugashini Jahongir biladi. Uning koʻp iste’dodli tengdoshlari mana shuning qurboni boʻlishdi. Bilimlarini takomillashtirish oʻrniga obroʻ talashish bilan oʻralashib, oqibatda fan olamidagi kelajaklaridan mahrum boʻldilar.

Jahongir mana shularni oʻylab, diqqati oshdi. Koʻnglidagi gʻashlikni uyqu bilan quvmoqchi boʻldi. Ammo uyqusi ham oʻchgan edi. Oshxonaga kirib qahva qaynatdi. Oʻgʻlining xonasidagi chiroq oʻchmagan, aftidan u ham uygʻoq edi...

Ertalabga yaqin koʻzi ilingan ekan, oʻgʻli uygʻotdi:
— Dada, nonushta tayyorladim.

Nonushtadan soʻng Jamshid dasturxonni yigʻishtirishga turdi.
— Oʻtira tur, — oʻgʻli qayta oʻtirgach, Jahongir soʻzini davom ettirdi. — Men kechagi gaplaringni oʻylab koʻrdim.
— Men ham oʻyladim.
— Qanday xulosaga kelding?
— Siz istagan xulosaga. Sizdan yordam soʻramasligim kerak edi.
— Gap bunda emas. Sen ilmga oʻzingni butkul bagʻishlamasang, ilm senga hech nima in’om qilmaydi. Sen buni unutmasliging kerak. Shuhratni oʻylash — oʻz yoʻlingga oʻzing gʻov qoʻyding, degan gap.
— Men bularni tushunaman, dada. Lekin siz kashfiyotingiz bilan oʻralashib atrofga befarq qaraydigan boʻlib qolgansiz. Hozir ilmlarini emas, mansab va darajalarini ham qilich, ham qalqon qiladiganlar koʻp.
— Ilgari yoʻq edi, deb oʻylaysanmi? Sen bundaylarning qilich-qalqonidan qoʻrqma. Bu qilich-qalqon moʻrt, bolalarning oʻyinchogʻi kabi soxta. Chinakam qilich-qalqon ilmda boʻladi. Sen uni faqat oʻzing yaratishing lozim.
— Nima uchun men maqsadimga ogʻir soʻqmoqdan borishim kerak?
— Nima uchun yengil yoʻldan borishing kerak? Yoʻq, oʻgʻlim, kalta oʻylabsan. Men istagan xulosaga kelmabsan. Sen daraja va unvon uchun emas, fanda yangilik yaratish uchun kurash. Daraja va unvon egasi bilan qabrga kiradi. Lekin kashfiyot yorugʻ dunyoda qoladi. Shuni unutma. Bu mavzuda boʻlak bahslashmaylik. Xayolingni boʻlmagʻur gaplar bilan chalgʻitma.

...Ular avtobusgacha birga ketishdi. Keyin Jamshid institutga, Jahongir esa akademiyaga yoʻl oldi.

Jahongirning miyasiga elektrod oʻrnatib, elallomalar qatori tajribada qatnashishi bir oz qarshilikka uchrasa-da, har holda ilmiy kengashda ma’qullandi. Oradan oʻn ikki kun oʻtgach, YuNYeSKOdan ruxsat qogʻozi keldi. Shundan soʻng u ikki haftani neyroxirurgiya klinikasida oʻtkazdi.

Miyaga elektrod oʻrnatish neyrofiziolog va neyroxirurglar hamkorligining natijasi edi. Neyrofiziologlar, ruhiy toʻlqinga asoslanib, miya boʻlimlariga, xususan gipotalamus va gippokampga kuchsiz elektr quvvati bilan ta’sir etish mumkinligini aniqlashgach, neyroxirurglar miyaga bir necha juft jajji elektrod oʻrnatish yoʻlini izlay boshladilar. Neyroxirurglar jonivorlarning miyasiga elektrod oʻrnatayotgan damlardayoq dunyo olimlari bu ish yuzasidan ikki guruhga boʻlinishdi. Ba’zilar elektrod oʻrnatishga mutlaq qarshi, ayrimlar esa bu tadqiqotga xayrixoh edilar. Dastlabki tajribalar muvaffaqiyatli yakunlangach, fidoyi bir kishi topilib, uning miyasiga oʻn ikki juft jajji elektrod oʻrnatildi-da, jahon neyroxirurglarining anjumanida namoyish etildi. Elektrodlar miyaning ma’lum boʻlakchalaridan birini qitiqlab uygʻotar, qolgan qismlardagi ruhiy toʻlqinning, ya’ni his-hayajonning uygʻonishiga esa yoʻl bermas edi.

Katta anjuman oʻtayotgan saroy sahnasiga chiqqan kishi miyasiga elektrod oʻrnatilgan odamga sira oʻxshamas, barcha kabi soʻzlar, fikrlar, kular edi. Ammo maxsus radiomarkaz ishga tushishi hamon u butunlay oʻzgardi. Dastlab haykal kabi qotib turdi. Elektrodlar boshqaruvchining buyrugʻini qabul etgach, u markaz hukmiga itoatkorona boʻysuna boshladi. His qilish, oʻylash, fikrlash, quvonish huquqidan mahrum boʻldi. Radiomarkaz ishini toʻxtatgach, u yana avvalgi holiga qaytdi.

Anjuman ahlining bir qismi bu kashfiyotni tabriklagan boʻlsa-da, oradan koʻp oʻtmay, qator taraqqiyparvar davlatlar va nihoyat YuNYeSKO bunday tajribani taqiqlash toʻgʻrisida qaror qabul qildilar. Odamni tirik robotga aylantirish, uning erki, huquqini poymol etish man etildi. Biroq, ilmiy izlanishlar va tajribalar uchun, zarur paytda, ma’lum muddatga maxsus ruxsat olish mumkin, ammo ijozat vaqti tugagandan soʻng miya elektroddan xoli qilinishi shart edi.

Miyasiga elektrod oʻrnatilgach, Jahongir Toʻlqin oʻylagandek tirik robotga aylanmadi. Chunki Jahongirdagi elektrodlar miyaning kichik bir boʻlagigagina ta’sir koʻrsatar, uni his qilish huquqidan mahrum etolmas, eng muhimi faqat tajriba onlari ishga tushib, boshqa paytda miya faoliyatiga ta’sir koʻrsatish kuchini yoʻqotar edi.

Operatsiya professor kutganidan ham yengil oʻtdi. Shuning uchun tajribani paysalga solmay boshlab yubordi. Yangi tajriba tafsilotlarini qayd qiluvchi kundalik daftarning sahifalariga ilk satrlar bitildi:

«19... yil 16 aprel. OʻzFA Biofizika ilmiy-tekshirish instituti. Professor Alievning tajribaxonasi.

Soat 12.10. professor tajribaxonaga toʻgʻri neyroxirurgiya klinikasidan keldi. Kutib turgan oʻgʻlini ham qabul qilmadi. U haddan ziyod oʻychan edi. Tibbiy komissiya tajribani boshlashga ruxsat berdi. Professorning yurak urishi moʻ’tadil. Miyada ogʻriq yoʻq. Professorning koʻrsatmasi bilan tajriba avval bir jasad ustida olib boriladi.

Ikki elalloma murda turgan havosiz xonaga qoʻyilgan. Professor qoʻshni xonaga yotqizildi. Mushaklariga elallomadan keluvchi oʻn toʻqqizta sim ulandi. Miyasidagi ikki elektrod ham murdaning ruhiy qiyofasini tiklovchi elallomaga ulangan. Tajribaxona radiotoʻlqinlarni oʻtkazmaydigan parda bilan muhofaza qilindi.

Soat 12.45. Tajriba rahbari, fizika-matematika fanlari nomzodi Mansur Xalilovning ruxsati bilan elalloma ishga tushdi.

Soat 20.20. Tajribaning birinchi bosqichi tugadi. Professor oʻzini yaxshi his qilyapti. Tajriba davomida elalloma uzluksiz ishladi. Tajriba xulosasi hali noma’lum. Professor xulosalarni oʻz kundaligiga yozib borajagini aytdi. Tajribaning ikkinchi bosqichi ertaga belgilandi».

Jahongir yaxshi tush koʻrgan odamday tiniqib turdi. Mushaklariga oʻrnatilgan simlardan xalos boʻlgach, murdalar va elalloma joylashgan xonaga chiqdi.
— Elalloma qanday ishladi? — deb soʻradi u shogirdidan.
— Oʻzgarish yoʻqqa oʻxshaydi...
— Oʻxshaydimi yo aniqmi? — Jahongir shunday deb, shaffof plastmassa oynakka yaqinlashdi. Yigitning jasadiga tikilib qoldi. — Yanglishmayapsanmi?
— Balki menga shunday tuyulgandir?
— Boʻlishi mumkin. Sen elalloma tiklagan voqealardan bexabarsan-ku... Gʻaroyib olamga kirib qoldim. «Arki Oliydan oʻtganingizdan soʻng Sarduatik mavzeida bir-biriga roʻbaroʻ madrasa va xonaqohni koʻrasiz. Ular osmon gʻashini va Chin suratxonasining rashkini keltirar darajada baland va bezaklari goʻzal. Binoning mustahkamligi bilan ustunlarning nozikligini, naqshlar va xushxat lavhalarni na yozuv qalami, na bayon raqami tasvirlashga qodir...»
— Kechirasiz, domla, soʻzlaringizga tushunmadim. Aytganlaringiz biror asardan parcha emasmi?
— Yoʻq, bu yigitning miyasiga oʻrnashib qolgan gaplar. Samarqandga yoʻl olganida kimdandir eshitgan. Men Registondagi Sherdor madrasasi oʻrnida ilgari Ulugʻbek qurdirgan xonaqoh boʻlgan, deb eshitgan edim. Shu xonaqohni yigitning koʻzi bilan koʻrdim. Elalloma ishga tushgach, meni xuddi uyqu bosganday tuyuldi. Keyin koʻz oldimda tushunarsiz qizil tasvirlar gavdalandi. Soʻng katta karvon safida otda ketayotganday boʻldim. Quyosh nuridan yelkam kuydi. Otdan anqib turgan ter hidini aniq his etdim. Men hamma narsani unutdim. Oʻn beshinchi asrga xuddi shu yigit boʻlib qaytganga oʻxshab qoldim. Yigitning gaplarini goʻyo men aytdim. Goʻyo Samarqand tuprogʻida oʻzim yurdim, ajoyib narsalardan oʻzim ta’sirlandim, odamlarning gaplarini ham oʻzim eshitdim. Eng muhimi bu narsalarning hammasi xotiramda yaxshi saqlanib qoldi. Bunday boʻlishini sira kutmagan edim.
— Demak, elalloma yigitning ruhiy dunyosini toʻla tiklab ongingizga yoʻnaltira olibdi-da?
— Toʻla emas. Ayrim yerlarda uzilishlar bor. Nazarimda yigitga unchalik ta’sir etolmagan oddiy voqealarni tiklashga elallomaning qurbi yetmagan.
— Biomaydonning kuchi kishining ta’sirlanish darajasiga bogʻliq emasmikin?
— Balki shundaydir. Tajribaning navbatdagi bosqichlari hali oldimizga koʻp muammolarni tashlaydi shekilli.
— Tajriba tahlilini qachon oʻtkazamiz?
— Hozircha bir narsa deyishim qiyin. Barcha xodimlar belgilangan ishlarini vaqtida tahlil etib, xulosalab turishsin. Men koʻrgan, eshitganlarimni yozib boraman. Elallomaning ishlash jarayonini tiklangan voqealarga solishtirib tahlil qilamiz. — Jahongir shunday deb eshik tomon yurdi. Tajribaxona yoʻlagida uni oʻgʻli kutib turgan edi. Ota-bola uygacha piyoda ketishdi. Jahongir tajriba paytida koʻrganlarini oʻgʻliga aytmadi. Jamshid dadasining gapni bir-biriga ulanmagan turli voqealarga burayotganidan tajriba haqida soʻz ochish niyati yoʻqligini sezdi. Ikkovlon anhor boʻyidagi yemakxonada ovqatlanishdi. Jamshid bir aylanib kelaman, deb otasi bilan xayrlashdi. Jahongir esa uyiga yoʻl oldi. Xonasiga kirib qalin daftarni ochdi. Oq sahifada husnixat bilan yozilgan dastlabki satrlar paydo boʻldi.

Saboqdoshlar (kundalikning birinchi sahifasi)

Qorabayirni yetaklab kelayotgan yigit madrasaga yaqinlashib toʻxtadi. Yelkasidagi beqasam toʻnni qoʻliga oldi-da, hayrat bilan binoga tikilib qoldi. Toʻrt gumbazli, toʻrt minorali, ikki qavatli imorat uning hushini olgan edi. U moʻ’jizaga duch kelganday kiprik qoqmasdi: madrasaning peshtoqi gumbaz bilan, moviy gumbaz esa osmon bilan payvasta, yigitning nazarida madrasa gumbazi samoni ushlab turganday, bino vaznidan esa goʻyo Yerning umurtqasi qirsillab ketayotganday edi. Devordagi naqshlar magʻribga bosh qoʻygan quyoshning ojiz nurida koʻzni olguday tovlanardi...

Yigit madrasadan chiqib kelgan uzun choponli, katta oq salla oʻragan basavlat kishiga yaqinlashdi. Salom berdi. Kishi muloyimgina, qiroat bilan alik olgach, soʻrashga jazm etdi:
— Taqsir, aybga buyurmaydilar, men tolibi ilmlardan birini istab kelib edim.
— Kimni?
— Mulla Abdulvahobni.
— Abdulvahobnimi?! — Kishining qoshi sal chimirildi. Yigitga boshdan-oyoq razm soldi. Bu oʻzgarishni yigit sezdi. — U kimingiz, akangizmi?
— Akam emas, saboqdoshmiz. Padari buzurgvorlarining duolarini yetkazmoqchi edim.
— Shunday deng... — kishi yana bir oz jim qoldi.— Abdulvahobni bu yerdan topa olmaysiz.
— Sabab?
— Doʻstingiz saboq olmoq oʻrniga koʻrnamaklik qildi. Shakkokligi uchun jazoga loyiq edi. Lekin davlatpanohning marhamati nasib etib, Xudo bir asradi. Ilm olish istagi yoʻq ekan, madrasadan yuz oʻgirdi.
— Uyga ketdimi?
— Uni hozir balki xonaqohdan toparsiz.
— Manavi yerdanmi?
— Yoʻq, u bu yerga kelmaydi. Shahriston etagidagi xonaqohni qarang.

Ot burnini kerib pishqirdi. Yigit uning boʻyniga erkalab shapati urib qoʻydi-da, orqasiga qaytdi. Asr namoziga hali vaqt bor, shu bois u avval karvonsaroyga qoʻnib, keyin namoz payti masjidga chiqishni ixtiyor qildi. U Samarqandga yoʻl olganida Abdulvahobga suyangan edi. Musofirlik tuzini endi totayotgan yigit uchun shahristonda tanish kishisining borligi ancha dalda boʻlardi.

Abdulvahoblarning yeri ularnikiga tutash, lekin uch-toʻrt barobar katta edi. Qishloqning aksar ahli Abdulvahoblarning yerida ishlar edi. Andijon yoʻlidagi adirda ham, Oʻsh tevaragidagi togʻlarda ham shularning chorvasi oʻtlardi. Yigit Abulvahob bilan bir maktabda tahsil olgan edi. Abdulvahobning xotiri zaifroq, uquvi aytarli baland emasdi. Madrasaga borish istagi boʻlmasa-da, otasining poʻpisasidan qoʻrqib, rizolik berdi. Besh yil muqaddam ota-bola Samarqandga yoʻl olishdi. Boybuva ogʻzi qulogʻida xursand boʻlib qishlogʻiga qaytdi. Endi uning oʻgʻli haqida gap ketsa «mulla Abdulvahob» deb tilga olinadigan boʻlgan edi. Madrasaga kirganidan beri Abdulvahob qishlogʻiga birrov boʻlsa-da, kelib-ketmadi. Boybuvaning oʻzi ikki marta Samarqandga borib keldi.

Mana shu qoʻshni yigit tahsildan yuz oʻgiribdi. Uning yoʻldan ozgani musofir umidiga soya solsa ham, u hamqishlogʻi bilan uchrashish istagidan voz kechmadi. Bir tomondan, qishloqdan olib kelgan omonatni topshirmogʻi lozim boʻlsa, ikkinchi tomondan, uni qalandarlik jandasida koʻrmoqchi edi.

Yigit qorabayirni otxonaga bogʻlab, tepadagi hujraga joylashdi. Keyin pastga tushib, hovuz labida turgan obdastani oldi-da, tahoratga oʻtdi... Obdastani oʻrniga qoʻya turib, unga razm soldi. Qorniga chertib qoʻydi.
— Ha, mehmon, xush yoqdimi? — dedi yelkasiga sochiq tashlagan yagʻrindor kishi.
— Misi toza ekan, — dedi yigit.
— Ha... mendagi mollarning bari asl. Misgarmisiz, deyman-a?
— Yoʻq, zargarman.

Namoz vaqti yaqinlashgani uchun yigit gapni qisqa qilib koʻchaga chiqdi. Masjidga yetguncha uchragan qalandarlarga qarab bordi. Biroq, istagan odamini uchrata olmadi. Masjidda odam koʻp edi. Yigit namozni poygakroqda oʻqidi.

Yuziga fotiha tortib, boshqalar qatori oʻrnidan turgach, koʻzi minor tarafdagi ikki qalandarga tushdi. Abdulvahobni shulardan soʻrab bilay-chi, deb oʻsha tomonga yurdi. Soʻrashga og‘iz juftlagan ham edi-ki, qalandarlardan biri unga peshvoz chiqdi:

— Shamsibek!

Yigit hayrat bilan unga qaradi: Abdulvahob! Qorayibdi, ozibdi. Yonoq suyaklari turtib chiqib, koʻzlari kirtayib qovoqlari salqib qolibdi. Faqat ovozi oʻzgarmabdi. Yuzidagi kulgichi ham sal sezilib turibdi... Koʻrishishdi. Keyin bozorga kiraverishdagi choyxonaga borishdi. Abdulvahob xursand edi. Har holda Shamsibek hamqishlogʻi, undan ota yerining isi keladi. Shamsibek esa na xursand, na xafa edi. Saboqdoshidan koʻz olmay, undan ilgarigi Abdulvahobni qidirardi. Olti yil oldingi Abdulvahobdan deyarli hech narsa qolmabdi.
— Madrasani tark etdingizmi?
— Men din-shariatning puturini ketkazgan doʻzaxilar davrasidan qaytdim. Oxirat andishasini deb, pirimning etaklaridan tutdim. Bandalarga haqdan imon soʻrab, ibodat qilishdan ulugʻ savob yoʻq!

Shamsibek miyigʻida kulib, chinni piyoladagi koʻk choydan bir hoʻpladi. Keyin fonusning nurida yaltirayotgan botiq koʻzlarga qarab, dedi:

Yorab, loyimni-ku, qorgan oʻzingsan,
Oʻrish-arqogʻimni oʻrgan oʻzingsan.
Yomonmanmi, yaxshi, men qandoq qilay?
Taqdir manglayini bergan oʻzingsan.

Abdulvahobning choynak tutgan qoʻli titrab ketdi.
— Astagʻfirulloh! — dedi ovozini koʻtarib. — Tavba qiling!

Narigi soʻrida oʻtirganlar ularga qarab qoʻyishdi.
— Tavbaga na hojat? — dedi Shamsibek xotirjam.— Bu soʻzlarni Umar Hayyom aytgan. Men gunoh ish qilsak ham, savobga qoʻl ursak ham Haq-taolodan demoqchi edim. Oʻzgalar uchun ibodatga berilib, umrni xazon qilishdan na foyda? Har banda oʻz gunohi uchun oʻzi istigʻfor aytmagi durust emasmi? Ilmdan yuz oʻgirib, umrni juvonmarg qilmoq gunoh emasmi?
— Tilingizni tiying! Doʻzaxilarning soʻzini aytmang!
— Xoʻp, sizningcha bu doʻzaxilarning soʻzi, yoʻlingiz esa tariyqat ekan, unda avvalgi yoʻlingiz-chi? Ilm olish sizningcha gunohmi?

Abdulvahob suhbatdoshiga yovqarash qildi-yu, javob bermadi. Ular jim qolishdi. Shamsibek narigi soʻrida gurunglashayotganlarga qarab oʻtirar, Abdulvahob esa qoʻlidagi tasbehga tikilib qolgandi.

Shamsibek saboqdoshining soʻzlarida sun’iylik sezdi. Abdulvahobning yoqa ushlashi, kalima keltirishi kimlargadir taqlid qiluvchi masxarabozni eslatardi. Uning «oxirat andishasini deb, bandalarga imon soʻramoq uchun» qalandarlikni kasb qilganiga shubha uygʻondi. Abdulvahob tabiatan bunday emasdi. U koʻproq otasiga tortgandi. Boybuva bir moʻ’jaz masjid soldirib, ustalarning yarim haqini bermay, oʻzidan ketgan pulni ham qishloq ahlidan undirib olgan edi. Abdulvahob maktabga kelganida qoʻynida oq kulcha non boʻlar, bolalar bor ovoz bilan saboqni takrorlashga tutinishganida u oʻgʻrincha non tishlab oʻtirardi. Buning uchun boshiga tayoq kelgan paytlar koʻp boʻlardi. U hech mahal oʻrtoqlarini siylamasdi. Aksincha chaqimchiligi uchun hamma uni yomon koʻrar edi. Kunlarning birida otasi berib yuborgan payshanbalik pulning bir tangasini yashirganidan xabar topgan bolalar, oʻch olish qasdida bu qilmishini darhol domlaga yetkazgan edilar. Ham domlasidan, ham otasidan jazo olgan Abdulvahob shundan soʻng saboqdoshlarini battar yomon koʻrib qolgan edi. Madrasaga ketadigan yili Shamsibeklarning qoʻrgʻoniga oʻt tushgan, yon qoʻshni boʻla turib na otasi, na oʻzi hattoki devor oshib qarab qoʻyishgan edi.

U mana shu kabi gunohlari evaziga endi tavbaga yuz oʻgirdimi?

Nahotki?

Oq yaktakli kishi choyni yangilab ketgach, Abdulvahob Shamsibekka qaradi:
— Kelishingizning boisi nima?
— Davlatpanoh yoʻqlabdilar. Sababi qorongʻu.
— Koʻhakka bormogʻingiz lozim ekan.
— Sabab?
— Bu oqshom iblislar bilan suhbat qurgani Bogʻi maydonga yoʻl solganlar.
— Fikringizni anglamadim?
— Yulduz sanaydilar.
— Koʻhak olismi?
— Yoʻq.
— Hamroh boʻla olasizmi?
— Maylingiz. Saharda yoʻlga chiqamiz.

Sovuqqina xayrlashishdi.

Tongda sovuqqina omonlashishdi. Abdulvahobning ulovi boʻlmagani uchun ikkovi ham piyoda ketishdi. To shahardan chiqishgunicha Abdulvahobga kim bitta non, kim chaqa berdi. Shamsibek otini yetaklab sal orqada yurdi. Yoʻlda Abdulvahob dini islomning xokisor boʻlayotgani haqida gapirib bordi. Soʻz oralarida benamozlarni qargʻadi. Obi rahmatga yaqinlashganda, yoʻl chetidagi naqshinkor choyxonada toʻxtashdi. Ariqdagi tiniq suvda yuvinib, tolning soyasidagi soʻriga oʻtirishdi. Doʻppisining piltasi koʻrinib qolgan, sal oqsaydigan puchuq bola choy-non olib kelib qoʻydi.

Ariq labidagi supada davra qurgan moʻysafidlarning biri qoʻliga tanbur oldi. Mayin kuy taraldi. Doʻppisini tizzasiga qoʻygan koʻzi yumaloq kishi likopchani chertib, kuyga joʻr boʻldi:

Ul kimu goʻzallarga xandon lab bermish,

Dard ahliga jigar qonin zap bermish.

Qismatimiz shodlik boʻlmasa ne gʻam,

Shodmiz, chunki gʻamni ming-minglab bermish...

Xonandaga hushi ketgan Shamsibekning xayolini Abdulvahob boʻldi:
— Yo Olloh! Musulmonlar fisqu-fujurga berilib, oxiratni unutishdi. Oʻzing kechir, yo parvardigor, hech kim uzlatga chekinishni istamaydi... — U yana nimalarnidir pichirladi. Keyin ovozini koʻtardi: — Arvohlarning qargʻishiga qolyapmiz... Qiyomat yaqin, qiyomat... Bandalar mahshar1ni eslamay qoʻyishdi... — Abdulvahob tasbeh oʻgirib, Shamsibekka qaramay gapirardi. — Davlatpanohingizga hazrat Qusom arvohlarining qargʻishi tegdi.
— Unday demang!
— Deyman! Har bir sulton uchun yilda bir marta hazratning qabrlarini ziyorat qilish ham farz, ham qarz. Davlatpanohingiz bu safar udumni buzdi. Hazratning dahmalariga bosh qoʻyishni oʻziga ep koʻrmadi.
— Buni kim aytdi?
— Muhtasibimiz2 Sayid Oshiq masjidda yolgʻiz oʻzlari tilovot qilib oʻtirgan ekanlar. Arzu samo3 birdan qisirlab ketibdi. Shohizinda tomonda chaqmoq chaqibdi. Hazratning qabrlari ustida bir soya qad rostlabdi-da, muhtasibimizga qarab: «Sulton Ulugʻbek ziyorat qilmoqni lozim topmay, shariatga shak keltirdi. Bundan musulmon ahlini ogoh qil. Samarqandliklar bu gunohni qon bilan yuvmagunlaricha boshlari kulfatdan chiqmas!» debdi...
— Yana tuhmatning uyasini kovlayapsanlarmi?

Narigi soʻrida ularga orqa oʻgirib oʻtirgan kishiga e’tibor berishmagan ekan. Mahobatli bu sipoh Abdulvahobning soʻzlarini eshitib, gʻazabga kelgan edi. Qovogʻi uyulganidan peshanasidagi ajinlar yigʻilib, qalin qoshlari tutashib ketgandi. U Abdulvahobni yelkasidan tutdi:
— Qani, yur-chi, gaplaringni shahriyor ham eshitsinlar!

Abdulvahob «yo-hu!» deb jazavaga tushdi. Odamlar: «Qalandarga tegma!» deyishsa ham, sipoh: «Qalandar boʻlsa toat-ibodat qilsin, sultonning muborak nomlarini bulgʻamasin!», deb turtib-turtib yoʻlga soldi. «Sen ham yur!» degach, Shamsibek noiloj oldinga tushdi.

Suv yoqalab xiyla yuqorilashdi. Koʻhakning etagidagi bogʻ qoʻynida qad rostlagan qasrga yetib kelishgunicha sipohning jagʻi tinmadi. Gaplaridan Abdulvahobni kaltaklashga ham tayyor edi-yu, lekin bir andisha uni ushlab turardi: u «xudoning gadolari»ga qoʻl koʻtarmoq aybligini bilardi.

Sipohni Bogʻi maydon darvozasi oldidagilar toʻxtatishmadi. Nozik did bilan bino qilingan bogʻ oralab bir oz yurilgach, ajib imorat qarshisidan chiqdilar. Ustunlari toshdan boʻlgan oshiyonning toʻrt tarafi ayvon edi. Ulugʻ ayvon ichida toshdan ishlangan bir ulugʻ taxt bor edi. Abulvahobga bu yerlar tanish. U qarshisidagi imoratning Chilstun deyilishini, sal narida izorasi tamom chinni boʻlgan Chinniy qasr borligini bilardi. Shamsibek esa bundan bexabar. U kecha Ulugʻbek madrasasini qanday taajjub, havas, iftixor bilan koʻrgan boʻlsa, hozir ham bu ajabtovur imoratga shunday zavq bilan tikilib qoldi. Atrofdagi zar toʻnli odamlar koʻpam e’tiborini tortmadi. Sipoh ularni bogʻ ichkarisiga olib oʻtib, boshqa bir sipohga topshirdi-da, iziga qaytdi. Peshin namozini shu yerda oʻqib olishdi. Namozdan keyin ularni olib kelgan sipoh yana paydo boʻldi.
— Qani, haligi gapni shahriyorning oʻzlariga ayt-chi!

Yana Chilstun qarshisidan chiqishdi. Endi bu yer gavjum edi. Ayvonda yurt akobirlari, taxtda esa, samovash toʻn kiyib, ixcham salla oʻragan muloyim chehrali bir kishi oʻtirardi. Shamsibek uni ilgari hech koʻrmagan boʻlsa-da, davlatpanoh ekanini his qilib, tiz choʻkdi. Abdulvahob sal egilib qulluq qildi.

Ulugʻbek indamadi. Uning yonidagi xiyol bukchayib qolgan oq soqolli qariya sipohdan soʻradi:
— Bularni haydab kelishingning boisi nima?

Sipoh ta’zim qilgandan keyingina soʻzlashga jur’at etdi:
— Taqsir, bu fosid xayollar1 shahriyorning muborak nomlarini boʻhtonga bulgʻayotgan ekanlar.

Qalandarga tikilib turgan Ulugʻbek jilmayib qoʻydi:
— Qamariddin, eski tanishni yana olib kelibsan-da? — dedi. Sipoh bir qalandarga, bir Shamsibekka qaradi-yu, shahriyorning soʻzlarini anglamadi.
— Sen ilgari Xudoning bu gadosini tolibi ilm libosida olib kelib eding. Tahassurkim2, mullavachchalik yoʻlidan butkul qaytib, libosini endi topibdi.
— Qani u nimalarni soʻzlayotgan ekan?
— Arvoh qon tilaganmish...

Sipoh bor gapni aytishga istihola qildi. «Sulton Ulugʻbek gumroh, dahriy» degan gapga tili aylanmadi. Ammo shahriyor gapning mazmunini uqdi. Shamsibek uning gʻazablanishini, qalandarni jazoga buyurishini kutgan edi, lekin ne ajabki, sulton gʻazablanish oʻrniga jilmaydi.
— Shuginami? Xudoning telba gadosini behuda bezovta qilibsan-da, — Ulugʻbek shunday deb, qalandarga yuzlandi. — Xoʻsh, Abdulvahob, sen bu kulohu jandani qay maqsadda kiyib eding?
— Oxiratni deb, toat-ibodatni deb...
— Balli. Vazifang — bandalarning gunohini Haqdan soʻrab, ibodat qilish. Sen esa fisqu fujur bilan bandsan. Bu holda ibodating oʻz gunohingni ham yuvishga yetmaydi-ku?
— Fisqu fujurdan Ollohning oʻzi asrasin. Men osoyishtalikni koʻzlab, bandalarni arvohning talabidan ogoh qilayapman.
— Avvalo, raiyat osoyishtaligiga sen qaygʻurma. Bu sultonning yumushi. Sen arvohning soʻzidan qay holda ogoh boʻla qolding? Uni oʻzing koʻrdingmi?
— Yoʻq, pirim koʻrganlar.
— Uni faqat piring koʻribdi-da? Ajab!.. Arvoh yana nima debdi? Ha, ziyorat qilmadi, debdimi? Agar shunday boʻlsa, u ham aldabdi. Piring ham aldagan. Sababki, ul kuni Barhayot shoh qabrlari yonida tilovat qilganimga Haq-taoloning oʻzi shohid... Endi oʻzing ayt, senga qanday jazo beray?

Abdulvahobning oʻrniga sipoh javob qildi:
— Hazrat shahriyor, bu telbaning tashhizi xotiri uchun darra zarur.

Ulugʻbek «jim» deganday oʻng qoʻlini sal koʻtarib qoʻyib, Abdulvahobga tikildi. Abdulvahob shahriyorga tik qarashga jur’at etdi:
— Mening jonim Ollohning omonati. Lozim boʻlsa bul omonatni sizning qilichingiz bilan oladi.

Ulugʻbek kulimsirab bosh chayqadi:
— Yoʻ-oʻq... Qilichim qonsiragan emas. Sohibqiron bobom shamshirini har narsaga ham uravermas edi. Men ham urmayman. Qamariddin, uni koʻchaga uzatib qoʻy. Ammo tega koʻrma. Jazosini Tangrining oʻzi bergay.

Shamsibek «Shahriyor Abdulvahobni jazolamasa edi», degan xavotirda turardi. Yoʻq, u doʻstiga achinmasdi. Aksincha, qalandar jazolansa, sultonga qarshi yangi igʻvolarning bosh koʻtarishidan xavfsirardi. Qamariddin Abdulvahobning yelkasiga asta turtib, darvozaga olib chiquvchi yoʻlga imladi. Keyin Shamsibekka yuzlandi.
— Taqsir, hazrat shahriyorga arzim bor edi, — dedi Shamsibek shoshib.
— Qanday arz?

Shamsibek qoʻynidan moʻ’jaz poygir chiqardi. Qamariddin shohona muhrni koʻrib, uni darrov Shamsibekning qoʻlidan oldi-da, ta’zim bilan borib sultonga uzatdi.
— Shamsibek Ismoil xoji oʻgʻliman, degin. Nechun barvaqtroq aytmading? — dedi Ulugʻbek maktubga koʻz yugurtirgach.

Shamsibek javob oʻrniga ta’zim qildi. Chunki voqea ravshan, sababni aytish oʻrinsiz edi.

Ulugʻbek poygirni yonidagi navisandaga berib, yana Shamsibekka qaradi:
— Qalandarga hamroh boʻlishingning sababi nedur?
— Saboqdoshmiz, shahriyorim.
— Ajab, ikki doʻstning biri davlatimning ajnih1ida igʻvo bilan, yana biri fuqaroni aldash bilan mashgʻul, — Ulugʻbek shunday deb a’yonlariga qarab oldi. Katta-kichik salla oʻraganlar bosh irgʻab tasdiq ishorasini qildilar. Davlatpanoh qarshisida ta’zim qilib turgan Shamsibek boshini koʻtarib, unga savol nazari bilan qarashga jur’at etdi.
— Sen misni qalbaki oltinga aylantirish ilmidan xabardor emishsan?
— Xabarim bor, shahriyorim. Misni oltinga aylantirishim rost. Sochdan kumush olishim ham rost.
— Shu yoʻl bilan fuqaroning koʻzini boʻyab, boylik toʻplashing-chi?
— Agar shul gap chin desangiz, xazinam siznikidan ancha moʻl boʻlmogʻi lozim edi. Ammo ustodlarim meni fuqaroga xiyonat qilmoqqa oʻrgatishmagan. Tavbalari qabul boʻlgur bobom har yangi ishga qoʻl urganimda fotiha berib, shunday derdilar:

To qaygʻu qoʻlidan ichmasdan sharob,
Quvonib ichmadim aslo mayi nob.
Hech kimning tuziga non botirmayman,
To oʻz jigarimdan yemayin kabob.

Ulugʻbekning yuzida kulgi oʻynadi. Bunday paytda uning koʻzlari yana ham mehrli boqardi. U soqolini silab, yonidagi kishiga dedi.
— Mavlono, taxminingiz tahsinga loyiq. Yigit siz aytganday qobil. Ajnihimizga chaqirib yanglishmabmiz.

Shamsibekning yonida turgan Qamariddin uni sal turtib qoʻydi. Shamsibek Ulugʻbekka yaqinlashib, tiz choʻkdi. Zangori shohiga sariq zar bilan bezak berilgan toʻnning etagini oʻpib, koʻziga surtdi. Shu topda ustozining gapini esladi: «Oxiratda Xudo yorlaqagur sohibqiron hayot ekanliklarida mirzo Ulugʻbek Qozizodayi Rumiyning ilmlarini hurmatlab, etaklaridan oʻpgan ekanlar. Shunda sohibqiron juda ranjib «shahzodalarning etak oʻpmoqligi butkul nojoʻya. Dunyo sening oyogʻingni oʻpmogʻi lozim», degan ekanlar. Shahriyor bobolarining oʻgitlarini quloqqa olsalar ham, ilm ahliga boʻlgan e’tiborlarini kamaytirmaganlar. Ajab emas, siz ham sultonning panohida unib-oʻssangiz...»

Ulugʻbek Shamsibekning yelkasidan yengil ushlab turgʻizdi-da, a’yonlari bilan bir-bir tanishtirdi. Soʻng haligacha qoʻl qovushtirib turgan sipohning yoniga qaytdi:
— Qamariddin, mehmonimning aduvbandi ekansan, uni oʻzingga topshiray. Bir oz hordiq chiqargach, oqshomgi suhbatimizga olib kelursan.

Ular ta’zim qilib, tislanib chiqishdi.

Unut boʻlgan «qarindosh»

«19... yil, 17 aprel. OʻzFA Biofizika ilmiy-tekshirish instituti. Professor Alievning tajribaxonasi.

Soat 11.00. Tajribaning ikkinchi bosqichi boshlandi. Professor oʻzini yaxshi his qilyapti. Yurak urishi moʻ’tadil. Meditsina komissiyasi uning miyasida oʻzgarish qayd qilmadi.

Soat 19.35. Tajribaning ikkinchi bosqichi tugadi. Elallomalarning ishlashida noaniqlik sezilmadi. Professor oʻzini yaxshi his qilyapti. Bugun matbuotda tajribaning boshlangani va elallomalarning ishlash xususiyati haqida maqola berildi. Professor bundan negadir ranjidi. Sababi noma’lum.

Tajribaning uchinchi bosqichi ertaga boshlanadi».

Quyosh baland imorat ortida koʻrinmay qolgan, shahar oqshom ogʻushiga kirib borardi. Havodagi mayin bir iliqlik Jahongirda piyoda sayr qilish istagini uygʻotdi. U koʻchaning narigi betiga oʻtgach, oʻgʻlining ovozini eshitib toʻxtadi.
— Hormang, dada, — dedi Jamshid yetib kelgach. — Sizni kutib turuvdim. Chiqqaningizni sezmay qolibman. Bugun tajribaxonangizga kirmoqchi edim, qoʻyishmadi.
— Toʻgʻri qilishibdi. Kirib nima qilarding?
— Har holda...
— Oʻz ishingni oʻyla.

Ular jim qolishdi. Jahongir gulini toʻkib chim barg chiqargan begʻubor novdalarga suqlanib boqardi. Jamshid esa otasiga, uning oʻychan koʻzlariga qaraydi. Odamlar unga «koʻzing dadangga, gavdang togʻalaringga oʻxshaydi», deyishadi. Darhaqiqat, Jamshid otasiga qaraganda balandroq, yelkalari keng, baquvvat yigit boʻlgan edi.
— Dada, — dedi Jamshid oʻrtaga tushgan jimlikni buzib, — biz faqat ishda koʻrishib, xizmat yuzasidangina gaplashadigan odamlarga oʻxshaymiz. Shuni hech sezganmisiz?
— A? — Jahongir bu savolni taajjub bilan kutib oldi. Darrov javob qaytarmadi. «Faqat ish yuzasidan... Darhaqiqat, keyingi paytlarda shunaqa boʻlib qoldim, shekilli? Lekin bu oʻtkinchi narsa». Jahongir shularni xayolidan oʻtkazib, oʻgʻliga e’tiroz bildirdi: — Gaping nooʻrin. Ahil ota-bola oʻrtasida boʻladigan munosabat bizda ham bor. Ish haqida koʻp gapirishimiz ham tabiiy. Fan bizning butun borligʻimiz boʻlib qolgan, shunday emasmi?
— Shunday. Lekin shu yaxshimi?
— Gapingga tushunmadim?
— Ota-oʻgʻil oʻrtasida mehru oqibat boʻlmasligi kerakmi?
— Bizda yoʻqmi?
— Bilmadim. Sizning mehringizga shak keltirolmayman. Lekin mening mehrim uchun oʻrin bermaysiz.
— Ya’ni?
— Ya’ni, ayrim paytlarda farzand otasini oʻylasa, otasi haqida qaygʻursa-yu, ota ishingni qil, desa.
— Juda toʻgʻri. «Ayrim paytlarda» ota bemor boʻlsa yoki ogʻir ahvolga tushib qolsa, boʻlak gap. Lekin sen aytgan «ayrim paytlarda» ota sogʻ-salomat, boshqalar kabi xizmatini oʻtayapti, hech qaygʻurishga oʻrin yoʻq. Bunday paytda farzand otaning soʻzlarini quloqqa olishi kerak. — Jahongir shunday deb kuldi-da, oʻgʻlining yelkasiga qoqib qoʻydi. Keyin bugun matbuotda e’lon qilingan maqoladan soʻz ochib, uning fikrini soʻradi. Jamshid gapirayotganida otasi kabi koʻzlarida oʻychanlik paydo boʻlardi. Shoshilmay soʻzlardi. Mantiqsiz gaplar tilidan deyarli uchmasdi. Jahongir oʻgʻlidagi bu xislatni hurmat qilar, ammo buni aytib maqtamasdi.

Yoshligida mahallalarida bir befarzand qariya boʻlardi. U kun boʻyi eshigi ogʻzida qurut, pista, papiros sotib oʻtirar, bolalarni pista bilan siylab turgani uchun atrofi gavjum boʻlardi. Otadan yetim qolgan Jahongirning onasi qanotida ishlashi, oʻqishi bu qariyaning nazariga tushgan, bu oila xususida qaerda gapirsa «Ollohning bandalariga bergan ne’mati koʻp. Ammo ne’matlarning eng ulugʻi — farzandlarning aslligidir», derdi. Bu maqtovni Jahongirning oʻzi ham eshitgan, qariyaga mehri ortib, uzoq vaqt quvonib yurgan edi.

Hozir negadir shu qariyaning soʻzlarini eslab, xuddi oʻsha damdagiday xursand boʻldi.

Anhor yoqasiga yetishganida Jamshid toʻxtadi.
— Dada, bugun oʻrtoqlarim bilan uchrashmoqchi edik.
— Yaxshi. Faqat kechikma.

Jamshid xayrlashib, ketdi. Jahongir sohildagi boʻsh kursiga oʻtirdi. Sal naridagi majnuntol panasida bir-birining pinjiga kirib oʻtirganlarga koʻzi tushib, oʻrnidan turdi-da, nari ketdi. Xayolini elalloma tiklagan bugungi voqealar egalladi...

«...Fanimiz taraqqiy etib ketdi... Bu jumlaga ba’zan «olamshumul yutuqlar», «beqiyos darajada...» degan sifatlarni qoʻshib qoʻyamiz. Ha... biz bugunni, kelajakni oʻylab, oʻtmishni unutayotibmiz... Insu jinslar1 ming yil ilgari ham ma’lum boʻlgan ekan. Hozir bir yuz ellik ming marta katta qilib koʻrsatuvchi zarrabinlar2 bilan mikroblar xillarga ajratiladi. U paytlarda oddiy koʻz bilan qanday farqlashdi ekan? Yo tafakkur bilan aniqlanganmikin? Bunday deyilsa, tafakkur ham dalillarga suyanadi-ku? Roziy fojiasi toʻgʻri boʻlib chiqyapti. Koʻpchilik: «Qariganda muttasil oʻqishning ta’siridan koʻzi koʻrmay qolgan», derdi. Bu faraz isbotlanmadi. Roziy koʻzining operatsiya qilinishi ham chin boʻlib chiqishi ehtimol. Ajab, ming yil ilgari koʻzni operatsiya qilishga botinganlar... Bizning yutuqlarimiz esa koʻz koʻrib, quloq eshitmagan boʻlib chiqyapti...»

Jahongir xayollari bilan boʻlib, uyiga yaqinlashganini sezmadi. Uning fikrini qiroat bilan berilgan salom buzdi:
— Assalomu alaykum, qarindosh!

Jahongir qarshisidagi devsifat, moʻylovdor kishini darrov taniy olmadi.
— Tanimadilar shekilli-a, qarindosh, men Akbarman.

Jahongir togʻavachchasini shundan keyingina tanidi.
— E, Akbar aka, omonmisiz, — deb soʻrashdi-da, ichkariga boshladi. Akbarning oyogʻi ogʻriq ekanmi, yo oyoqlar bu ogʻir gavdani koʻtarishga qodir emasmidi, har holda u zinadan oqsoqlanib, sal bukilibroq chiqdi. Jahongir uchinchi qavatda turar, shuning uchun liftdan foydalanmasdi.

Akbar ne azobda yuqori koʻtarilib, manziratni kutmayoq ichkari kirdi. U oʻtirgan yumshoq kursi gʻijirlab ketdi. Choʻntagidan gʻijimlangan roʻmolcha olib, hansiraganicha terlarini artdi. Akbar Jahongirning kichik togʻasiga toʻngʻich farzand boʻladi. Ularning oralaridagi farq toʻrt oy boʻlsa ham, Jahongir uni «Akbar aka» deyishga odatlangandi. Jahongir ikkinchi kursdaligida onasidan ham ajraldi. Koʻngli yarimta boʻlganidan togʻalarinikiga tez-tez kelardi. Ayniqsa onasining sevimli ukasi boʻlmish kichik togʻasini koʻp koʻrgisi kelardi. Ammo oradan ikki-uch yil oʻtgach, togʻasining xushlamaygina kutib olishini sezdi. Uylanish haqida gap chiqa boshlaganida, kelin ayasining «Jahongirjon, hamma ham oʻz aravasini oʻzi tortishi kerak», degan gapini eshitdi-yu, bu yerga qadam bosmay qoʻydi. Togʻasi ham uning holidan xabar olmadi.

Jahongir oshxonaga kirib choy qoʻydi. Javondan shirinliklarni oldi. U koʻp yillardan beri unut boʻlib qolayotgan qarindoshining bu tashrifidan taajjubda, oʻylab oʻyiga yetolmasdi. Akbar esa oʻz uyida oʻtirganday edi.
— Shu deng, salkam uch soat kutdim-ov. Endi ketaman, deb turuvdim, — dedi u bir tishlam nonni murabboga botirar ekan. Keyin uni ogʻziga solib, bir-ikki chapillatib chaynadi-da, gapida davom etdi. — Bugun gazitda siz haqingizdagi narsani oʻqib qolib, tinchimni yoʻqotdim. Shunaqa paytda muborakbod qilish bizdan lozim dedim-u, uyingizni soʻrab-istab kelaverdim. Ammo boshim arshi-a’loga yetdi. Urugʻimizni olamga mashhur qildingiz. Lekin xafa boʻlgan tomonimiz ham bor, — u murabboga yana non botirdi. — Olimlikka berilib, qarindoshchilikni unutib qoʻydingiz. Qariganda gina-kuduratni unutib bordi-keldi qilaylik. Bizdan keyin bolalarimiz begona boʻlib ketishmasin.
— Gapingiz haq. Allaqachon shunday qilishimiz kerak edi. Ayb ikkimizdan ham oʻtdi.
— Ha-da, beayb parvardigor, deydilar. Endi bizning vazifamiz...
— Akbar aka, aybga buyurmaysiz, sizni bir oz xoli qoldiraman. — Jahongir shunday deb yana oshxonaga chiqdi. Qozonga sabzi-piyoz bostirgach qaytib kirdi. — Akbar aka, ozib-yozib bir kelgansiz. Endi shuning sharafiga, a? Koʻngil qanaqasidan tusaydi? Yulduzi qizilidanmi, oqidanmi?
— E, e, qariganda-ya? Ha, mayli, qarindoshlik hurmati, sazangiz oʻlmasin. Qizili salomatlikka toʻgʻri kelmaydi. Bosim chatoq. Andak oqidan boʻlsa kifoya.
— Yana bir uzr. Men uchun ham... oʻzingiz... olasiz. Hozir tajriba payti, ilojim yoʻqroq...

Akbar mezbonni bir-ikki qistagan boʻldi-yu, keyin «taqdirga tan berib», qadahni boʻshatdi. Toʻrtinchi qadahdan soʻng rangiga qizil yugurib, ogʻzi gapdan boʻshamay qoldi. Jahongir oshni damlab kirgach, navbatdagi qadahni ola turib:
— Bola-chaqang koʻrinmaydimi? — deb soʻradi.
— Oʻgʻlim oʻrtoqlari bilan birga...
— Ha... bolang bitta edi-ya? Bizniki yettita. Qurmagʻurlarning birontasi ilm demadi-ya! Ha, mayli, nonini topib yesa boʻldi bizga, a, labbay?
— Ha, endi...
— Xotining ham koʻrinmaydimi? — Jahongir yalt etib mehmonga qaradi. Lekin Akbar undagi oʻzgarishni sezmay, kulimsirab gapiraverdi: — Qariganda ham oʻtiraveradimi, bir oyogʻining chigalini yozmoqchi boʻlgan-da. Bizning xotin ham shunaqa...
— Akbar aka! — Bu safar Jahongirning ovozi balandroq va dagʻalroq eshitildi. — Keliningizni bir yarim yil burun yerga qoʻyganmiz...
— A? — Akbar qoʻlidagi qadahni stolga qoʻyib, yuziga fotiha tortdi. — Buni qara, xabarsiz ekanmiz. — U shunday deb, qoʻlini qovushtirdi-da, qiroat bilan qur’on oʻqiy boshladi. Jahongir oʻrnidan turib oshxona tomonga yurdi. «Qariganda ham esini yigʻib olmabdi», deb oʻyladi. Akbar yigit chogʻlarida ham shunday edi. Ichib, kayfi oshganda chala yarim oʻrganib olgan qur’onni bor ovozi bilan duch kelgan yerda oʻqir, keyin odamiylik haqidami, tuproqni ulugʻlash haqidami, hurmat yoinki burch haqidami nasihat qilar, oʻtirganlarni farosatsizlikda ayblardi. Shuning uchun Jahongir «piyon qori» laqabini olgan togʻavachchasi ishtirok etuvchi ziyofatlarga iloji boricha yaqinlashmasdi.

Osh yaxshi dam yemasa ham suzib kelaverdi. U mehmonning tezroq turishini istab qolgan edi. Bir tomondan uning jirkanch qiliqlariga nafrati uygʻongan boʻlsa, ikkinchi tomondan, kundalikning davomini yozishi, ertalabgacha tiniqib dam olishi kerak edi.

Ovqat vaqtida mehmon non-nasiba haqida va’z aytib oʻtirdi. Nihoyat, osh orqasidan bosib uch-toʻrt piyola choy ichgach, fotihaga qoʻl ochdi.
— Mashinangizni chaqirsangiz kelarmikin? — dedi u oʻrnidan turayotib.
— Menda mashina yoʻq.
— Ie, shunday katta olimda-ya?
— Ishxonam yaqin. Hojati yoʻq, deb olmaganman.
— Chakki qilibsiz. Bu kerakli mol. Olib qoʻyish kerak.

Akbar tashqariga chiqib ham, boshi-keti yoʻq gaplar bilan Jahongirni ushlab turdi. Jahongir uning bir dardi borligini sezgan, lekin sir boy bermayotgan edi. Akbarning bu darajadagi ezmaligidan soʻng, soʻrashga majbur boʻldi:
— Siz hali menga bir narsa aytmoqchi edingizmi?
— Ha... e, umi, mayli, keyin aytsa ham boʻlar...
— Hozir aytavering.
— Bilasizmi, jigar, bugun gazitda gʻalati mashinangizni yozishibdi. Togʻangizni, ya’ni bizning padarni ham bir tajriba qilsangiz-chi?
— Nega?
— Endi, sizga aytmasam boʻlmaydi, yaqin qarindoshmiz, — dedi Akbar unga yaqinroq kelib. Jahongir uning bir sensirashiga, bir sizlashiga e’tibor bermadi. U yoshligida ham shunday edi. — Oʻzing bilasan, otam savdoda uzoq yil ishlab, u-bu narsa orttirgan ekanlar. Lekin qoʻlga tushib, yashirgan narsalari bizga qorongʻu boʻlib qolgan, — Akbar endi ovozini pastlatib, deyarli shivirlab gapirardi. — Bilishimcha, oz-moz tilla ham berkitgan ekanlar. Shu topilsa, siz ham jiyansiz, qonuniy ulushingiz bor... Qolaversa, bizday odamga yetti bolani uyli-joyli qilish hazilakam gap emas. Endi bular keyin aytilsa ham boʻlardiyu, oʻzingiz qoʻymadingiz. Xoʻp, mayli, hozir boshingizni qotirmay, men ketdim.

Jahongir rad javob berishni ham, soʻkib, haydashni ham bilmay, garang boʻlib turib qoldi. Akbar shoshib, uning qoʻlini olib qisdi-yu, lapanglab yurib ketdi. Jahongir boʻlib oʻtgan noxush uchrashuv va suhbatni xayolidan chiqarish uchun uy atrofida bir oz yurdi. Koʻcha jimjit. Bayram arafalarida yonib turuvchi rang-barang chiroqlar ham oʻchgan, yoʻl chetidagi mayda favvoralarning suvi kuchsizgina otilib turardi.

U qancha yurmasin, xayolini jamlashga harakat qilmasin, boʻlmadi. Akbarning soʻnggi gaplari qulogʻi ostida jaranglab, gʻazabini oshiraverdi. Nihoyat, bugun ishlay olmasligini sezib, uyga kirib ketdi. Dam oʻtmay Jamshid kirdi. U otasidagi oʻzgarishni payqasa ham, sababini soʻramadi. Yarim tunda koʻzi uyquga ilingan boʻlishiga qaramay, Jahongir erta tongda oʻrnidan turib, yozuv stoliga yaqinlashdi-da, kundalikni qoʻliga oldi...

Asl oltin va inson qoni (kundalikning ikkinchi sahifasi)

Shamsibekni bu safar Chilstun tomonga boshlamadilar. Soʻl tomondagi gulzor yoqalab, favvora otilib turgan sahnga chiqishdi. Quyosh ufq sari bosh qoʻygan, uning kuchsiz nuri bir-biriga urilayotgan marvarid suv tomchilarida aks etardi. Favvoradan sal naridagi shohsupada Ulugʻbek mutolaa qilib oʻtirardi. Shamsibek sultonga halal bermay, deb turib qoldi. Buni sezgan Qamariddin unga sekingina:
— Davlatpanohning oʻzlari buyurganlar, boravering, — dedi. Shamsibek ildam yurib, supaga yaqinlashdi-da, tiz choʻkib qulluq qildi.

Ulugʻbek kitobdan bosh koʻtardi. U oddiy sariq toʻn kiyib olgan, shu topda sultonga emas, koʻproq mudarrisga oʻxshab ketardi. Shamsibek toʻnning barini oʻpdi. Ulugʻbek unga joy koʻrsatdi. Qamariddin suhbatdan voqif boʻlishga ehtiyoj yoʻqligini anglab, ta’zim bilan orqasiga qaytdi.

Ulugʻbek xontaxta ustidagi kitob bilan qogʻozlarni ehtiyotlab olib qoʻydi.
— Bu tun Mirrix Yerga yaqinlasha boshlaydi, — dedi u yigitga qarab. — Rasadxona ahli shu uchrashuvga tayyorlanyapti. To yulduz toshguncha sen bilan yaqinroq tanishay, deb edim.
— Qulingizman, shahriyorim.
— Sen mening emas, Ollohning qulisan. Bul haqiqatni zinhor unutma. Seni dastlab ta’riflashganda, ulusni aldashingni ayta turib: «U imonsiz gumroh hamdur», deyishib edi. Bu ta’rifning boisi nedur?

Shamsibek darrov javob bermadi. U shariat taqiqlagan kitoblarni mutolaa qilgani uchun shahriyorning qahri kelar, deb oʻylamasdi. Aksincha, Ulugʻbekning shariat peshvolari soʻzini koʻpam inobatga olavermasligini bilardi. Uni boshqa bir sir sukut saqlashga majbur etgan edi. Shamsibek oʻzi haqidagi bu qadar batafsil ma’lumotning olampanoh qulogʻiga qay yoʻsinda yetib kelganini bilolmay garang edi. U sultonning tik nazariga qarashga botinmay, boshini egib gapirdi:
— Men «Maxariq al-anbiyo» bilan «Xiyol al-mutanabiyin» mutolaa qilib, mazmunini ba’zi doʻstlarimga tushuntirib edim.
— Demak, paygʻambarlarning muborak nomlariga til tegizibsan-da?
— Men ustozimning fikrlarini oʻzimcha talqin etdim, xolos.
— Ustod dedingmi? Ar-Roziy ustodlikka arzigulik alloma!

Shamsibek xontaxta ustidagi kitoblarga beixtiyor koʻz qirini tashladi. Ularning biri Abu Rayhon Beruniyning «Qonuni Mas’udiy» ikkinchisi — Batlimusning «Al-Majistiy» asari edi. Shamsibek Batlimusning kitobini koʻrdiyu xayoliga kelgan bir fikrni aytishga jur’at etdi:
— Ar-Roziy Batlimusu Aflotunu Aqliduslar bilan ilm bobida bellashadigan alloma.
— Balli! Haq gap aytding. Uni-ku, ustoz deb bilibsan, sharaf senga. Vale, Abu Ali ibn Sino ham ar-Roziyni ustoz deb bilganini unutma. Tahassurkim, shunday ulugʻ allomaning yoʻlini tutganlar gʻoyat kam erur.
— Ammo falakiyot ilmiga siz kabi ixlos qoʻyganlar bisyor.

Ulugʻbek yigitga tikilib qoldi.

Shamsibek, nojoʻya gap aytdim shekilli, deb oʻrnidan turib, qoʻl qovushtirgancha uzr soʻradi. Ulugʻbek qoʻli bilan joy koʻrsatgach qaytib, omonatgina oʻtirdi.
— Fikringcha, falakiyot ilmi tabobat yoki riyoziyot yoinki kimyodan past darajadami? — Ulugʻbek yigitning yana turishga chogʻlanganini koʻrib, qoʻshib qoʻydi. — Ilm haqida gapirganda oʻzingni erkin tut.

Shahriyor erkin soʻzlashga ijozat bersa-da, Shamsibek fikrini ochiq bildirishga botinmas, har bir soʻzini aql tarozisida oʻlchab, keyin aytardi.
— Tabobat va kimyoda ustozning tengi yoʻq edi. Men ham ustoz kabi koʻproq Yer ilmlaridan bahramand boʻlishga ixlos qoʻyganman. Raiyat uchun shu ilmlarning nafi bor deb oʻylayman. Ayniqsa tabobat ilmi fuqaroning ofiyati, uchun zarur. Ustoz ar-Roziyga qadar insonlar chechak bilan ogʻrib koʻp ozor koʻrganlar. Ustoz chechakni qaytaruvchi em yoʻlini kashf etdilaru bu azoblar barham topdi. Tabobat ilmi xastaliklarni tarqatuvchi insu jinslarni kashf etdi. Afsuskim, odamlar bulardan hanuz bexabarlar. Hakimlarning soʻzlari quloqqa olinmaydi. Shu bois oʻlim koʻp, umr qisqa. Agar davlatpanohning ixtiyorlari-la tabobat bilan kimyo ilmi rivoj topsa, nur a’lo nur boʻlur edi.
— Ya’ni?
— Ya’ni, dorulshifoiyalar qurilsa raiyat ofiyati bisyor xoʻb boʻlurmi, deyman.
— Istaging koʻp ma’qul. Ammo falakiyotni nazarga ilmaganing chakki. Bir barmoqning kuchi hech qancha emas. Ilm ham shunday. Zamin ilmlarining bari bir-biriga omuxta. Donishmand alloma bu ilmlarning barchasidan xabardor boʻlmogʻi darkor. Ustozing shunday edi. U falakiyotning tabobatga koʻp ta’siri borligini ham bilgan. Yerda xastalik tarqab, qirgʻin boshlanishiga falakdagi oʻzgarishlarning sabab boʻlishini oʻylab koʻrmagan ekansan. Bilki, gavhari anjum samoga shunchaki sochib yuborilgan emas. Ular Ollohning irodasi bilan turkum-turkum boʻlib oʻrnashganlar va bir-birlarini aql bovar qilmovchi kuch bilan tortib tururlar. Kurrai arzni ham boʻlak sayyoralar tortib turur. Agarchi tortib turuvchi bu kuch boʻlmas ekan, yulduzlaru sayyoralar qorishib ketur edilar. Shuningdek, bu kuch mavjudlikdan yoʻqolsa, osmonga otilgan toshdan tortib toʻmorigacha zaminga qaytib tushmas edi. Samoning bul kuchi kurrai arz ilmlarini ham bir-biriga monand tortib turur. Biri biridan uzilsa muddaoga erishilmaydi. Xoʻsh, fikringcha, tabobat umr uzaytira olishga hozir qodirmi?
— Ojiz, shahriyorim.
— Sabab? Sen Abu Ali ibn Sino tariyqini xato deb bilursanmi?
— Zinhor! Ibn Sino tariyqi — uzoq umr koʻrishning yagona yoʻli. Lek hech kimsa bunga toʻla amal qilmaydi. Bu birlamchi. Ikkilamchi — hakimning asabni ehtiyotlash haqidagi qonunini bajo keltirmoq mumkin emas. Asab asta-asta ishdan chiqib borib, umrni egovlaydi.
— Demak, bandalarning orzusi siniq ekan-da?
— Bedavo xastaliklarga shifo bermoqqa sababchi boʻlguvchi tabobat bu muammoni ham hal qilur.
— Insha Olloh.
— Ungacha balki yuz yil, balki undan koʻproq yillar oʻtar, hakimlar bu sirdan ham voqif boʻlurlar. Aytaylik, tanbur torlari hadeb chertilaversa, oqibat soz buziladi. Odam asabi ham shunday. Bola tugʻilganida asablar sozlangan boʻladi. Yillar oʻtavergach, soz buziladi. Ana shu paytda yana bir qayta sozlansa, umr uzayur.
— Barakalla! Tabobatdagi zehningni menga aytishmagan edi. Iqtidoringni fikrlaring oshkor qilib qoʻydi... Soxta oltin quyishingdan xabar topib edim. Ammo sen ishlagan bir uzukni koʻrib taajjubda qoldim. Oltinni soxta desam, sohibi iyor1 bunday toza oltinni to hanuz uchratmaganman, deydi. Bu muammoga tushuna olmadim.
— Shahriyorim, darhaqiqat men soxta oltin, soxta kumush quya olaman. Bu ham ustozimning ta’siri. «Kitob sirr-al-asror»da2 bayon qilingan usullarni xoʻp anglab olganman. Ustoz raiyatni aldab boyishni oʻzlariga ep koʻrmaganlar. Men ham u kishining chizgan chiziqlaridan chiqmadim. Asl oltin bilan kumushga muhtoj boʻlmagan buyumlarga bezak uchungina soxtasini ishlatdim. Sizdagi uzukka ishlatilgan oltinni ar-Roziyning shogirdigina olishi mumkin.
— Qay yoʻsinda? Sir emasmi?
— Buni amalda koʻrsatib bermagani uchun Xuroson hokimi Abu Solih Mansur ar-Roziy boshiga kitob bilan urdirib koʻr qilgan ekan.
— Donishmandni jazolash iblisning ishi. Shoh nufuzi bilan donishmanddan ustun boʻlsa, donishmand shohdan bilimi ila ulugʻ. Donishmandning shohga ehtiyoji yoʻq, ammo shoh donishmandga hamisha muhtojdir. Allomaga jazo bergan sultonda na aql, na imon boʻladi.

Oraga sukut choʻkdi. Ulugʻbekning bu soʻzidan keyin Shamsibek sirni ochishga ehtiyoj sezdi. Zotan Ulugʻbekning bu sirdan voqif boʻlishi, Shamsibekning nazarida, foydadan holi emasdi.
— Afv eting, shahriyorim, mening bunday fikrim yoʻq edi. Faqat ustoz fojiasi xayolimga kelganidan aytdim... Asl oltin olish uchun inson qoni darkor...
— Qon?
— Ha, sizga yuborgan uzukning oltinini qayta quyib, quritilgan qon bilan sifat berganman.
— Qonni qaerdan olding?
— Oʻzimdan.
— Sen oʻz qoningni hamisha ishlatavermaysan-ku?
— Men asl oltindan har doim uzuk ham qilmayman.

Shu topda azon chaqirigʻi eshitildi. Asr namozining vaqti boʻlgan edi. Ulugʻbek yuziga fotiha tortib, oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Shamsibek ham turib, qoʻl qovushtirganicha shahriyorning yurishini kutdi. Ulugʻbek bir-ikki qadam tashlab, toʻxtadi-da, haligacha hurmat yuzasidan qoʻl qovushtirib turgan Shamsibekka yuzlandi:
— Bundan buyon oltinga qon ishlatishingni man etaman. Qon toʻkmak tanbehga loyiq ishdir. Va bunday qiluvchi kishining umri qisqa boʻlur. Ulugʻbek saltanatida inson qoni bezak uchun toʻkilmasligi darkor. Uqdingmi?
— Xoʻp boʻladi, shahriyorim.
— Ertaga dam ol. Shanba nonushtadan soʻng zargarlarga bosh boʻlib, xazinadagi oltin-kumushlarni saralaysan. Soʻng dorulshifoiya uchun shahardan joy tanla. Tabobat ilmiga ixlos qoʻyganlarni, eng zukko hakimlarni toʻplaymiz. Samarqand tabobat ilmining ham markazi boʻlsin.
— Ma’qul. Ammo joy tanlamoq uchun bir necha qoʻzi soʻyish lozim.
— Sabab?
— Goʻshtlarni shaharning hamma dahasiga, ochiq havoga ilib qoʻyamiz. Goʻsht qaysi dahada sekin buzilsa, oʻsha yerga dorulshifoiya qurish mumkin.
— Barakalla! Zehning tahsinga loyiq.
— Shahriyorim, yana bir uzrim bor.
— Ayt.
— Men istaklaringizni bajo keltirsamu uyga qaytsam.
— Sabab?
— Koʻgarchin1 erkinlikni sevadi.
— Ammo toza osmondagi beozor koʻgarchinga nodon qirgʻiylar hamla qilishi mumkin.
— U holda qishloqqa borib kelishga ijozat bersangiz. Oilamni olib qaytsam.
— Bu ishing ma’qul. Qamariddin safar anjomlaringni tayyorlab beradi. Oʻzi ham hamroh boʻladi. Xazinani qaytib kelganingdan soʻng saralaysan.

Shamsibek asr namozini saroy ahli, mirzoning shogirdlari bilan oʻqidi. Tun yoyilganda Qamariddin uni qoʻnoqqa uzatib qoʻydi. Yoʻl-yoʻlakay Shamsibek shahriyor bilan boʻlgan suhbatni hikoya qildi. Qamariddin buni eshitib:
— Ha, dunyoda ulugʻlar koʻp, ammo Ulugʻbek bitta, — deb qoʻydi.

Xato va haqiqat

«19... yil, 18 aprel. OʻzFA Biofizika ilmiy-tekshirish instituti. Professor Alievning tajribaxonasi.

Soat 11.00. Bugunga belgilangan tajriba qoldirildi. Meditsina komissiyasi professorning asab hujayralarida oʻzgarish qayd qildi. Uning yurak urishidagi moʻ’tadillik ham bir oz buzilgan.

Tajribaning uchinchi bosqichini ertaga davom ettirish moʻljallandi».

Meditsina komissiyasining xulosasi kutilmagan zarba edi. Jahongir tajribaning dastlabki bosqichlarida shunday uzilish boʻlar, deb oʻylamagandi. U a’zolaridagi oʻzgarishning boisini bilgani uchun vrachlarning davolanish xususidagi oʻgitlarini loqaydlik bilan eshitdi. Hamshira tomiriga em ignasini sanchganda ham ogʻriqni sezmadi. Komissiya raisi, «endi borib dam oling» degach, oʻrnidan turib dahlizga chiqdi-da, tajribaxona tomonga yurdi. Oq xalat kiygan yigit-qizlar bilan gavjum boʻlguvchi xona boʻm-boʻsh edi. Oʻrtada, shaffof devor ichidagi toshtobut va ikki elalloma, chapda boshqaruv stoli, oʻngda kumush rangga boʻyalgan asosiy elalloma. «Tajriba qoldirilgani uchun hammaga javob berib yuborishganga oʻxshaydi», deb oʻyladi Jahongir. U asta yurib, asosiy elalloma yoniga bordi.

Elektron allomaning ishlash jarayoni nazariy jihatdan hal qilingach, tajribaxona xodimlari uning boʻlajak shakli haqida koʻp bahslashishgandi. Ba’zilar oddiy robot shaklida boʻlsin, deyishdi, ba’zilar zamonaviy radiopriyomnik shaklini taklif etishdi. Lekin Jahongirga dorulfununni yangigina bitirib kelgan qizning taklifi ma’qul keldi. Natijada elalloma shu qiz aytgan shaklda sakkiz qirralik qilib bunyod etildi. Asbob ichi oʻn olti katakdan iborat arining uyasini eslatar, har uyadagi uskunalar bir bosqichni amalga oshirar, bir bosqich amalga oshirgan natija keyingi uyaga oʻtardi. Elalloma agar robot shaklida boʻlganida har bir jarayon uchun bir robot talab etilardi. Bu ham joyni koʻp egallardi, ham tajribaning bir me’yorda borishiga halal berishi mumkin edi.

Jahongir shu topda nima uchundir shakl xususidagi oʻsha bahslarni esladi. Shogirdlarining kuyib-pishib tortishishlari koʻz oldiga kelib, kulimsiradi. U yoshlarning ilm borasida bahslashishlarini xush koʻrardi. «Astoydil, jonu dili bilan, ammo mantiqiy asoslarga suyanib bahs qiluvchi yoshlargina yaxshi olim boʻlib yetishadi». Ustozning bu gaplari uning uchun ham qonunday boʻlib qolgan edi. Ana shu bahslar natijasida kashfiyot yaratildi — elalloma shakllandi.

Jahongir orqaga qaytib, eshik yonidagi kresloga oʻtirdi. Yana elallomaga tikildi. «Chakki ish boʻldi, — deb oʻyladi u, — holimga qaramagan ekanman. Aslida elektrodlarni Mansurga oʻrnatib, tajribaga rahbarlik qilaverishim mumkin edi. Mansur hali yosh, har qanday ogʻirlikka chidash bera olardi. Shuni chuqurroq oʻylab koʻrmabman. Hali ham unga aytsammikin? Qanday aytaman? Toʻlqinga oʻxshab javob qaytarsa-chi?.. Yoʻq... Nima boʻlganda ham tajribani oxiriga yetkazishim kerak.

Qiziq... Elalloma bir xilda — oʻzgarishsiz ishlayapti. Avvalgi murdalarda ham shunday ishlagandi. Qabul qilish, tiklash, uzatish, tahlil, xulosalash davridagi kuchlanish oʻzgarmayapti. Lekin ikki tajriba natijasidagi farq osmon bilan yercha. Sababi nimada? Murdalardami? Yoki tashqi muhitdan biror ta’sir boʻldimikin?..»

Eshik ochilib, Jahongirning fikri uzildi.
— Men ketib qoldingizmi, deb oʻylabman, — dedi xonaga kirgan chuvakkina yigit. Bu Jahongirning iste’dodli shogirdlaridan biri, tajribani boshqarayotgan Mansur Xalilov edi.
— Ketganimcha yoʻq, endi nima qilishni oʻylayotgan edim. Qani, oʻtir, xoʻsh, nima gap?
— Tajriba usulini bir oz oʻzgartirsakmikin?
— Nima uchun?
— Siz...
— Qanday taklifing bor?
— Elallomaga robot ulasak qanday boʻlarkin?
— «Qanday boʻlishini» oʻylab koʻrmadingmi?
— Hisoblab chiqdim. Agar robot ulasak, tajribaning borishi tezlashadi. Undan tashqari, bu ishdan psixorobiklar ham manfaatdor boʻlishadi.
— Robot tayyorlash uchun ketadigan vaqtni inobatga oldingmi?
— Yangi robot yaratmay, tarjimon robotlarni moslasak-chi?
— Mumkin emas. Bu ish uchun maxsus robot yaratish kerak. Lekin sen aytgan usulni ham qoʻllab koʻramiz. Bu tajriba tugagach, robot yordamida yana qaytaramiz. Keyin natijasini solishtiramiz. Shunday qilsa, psixorobiklar uchun koʻproq foyda boʻladi. Undan tashqari, vaqt oʻtishi bilan biotoʻlqindagi oʻzgarishlarni ham aniqlab olamiz. Sen Kibernetika institutining psixorobika tajribaxonasi bilan bogʻlan. Tajriba uchun kerakli robot yaratishda yordamlashishsin.
— Xoʻp, bugunoq gaplashaman.

«19... yil, 19 aprel. OʻzFA Biofizika ilmiy-tekshirish instituti. Professor Alievning tajribaxonasi.

Soat 15.30. Tajribaning uchinchi bosqichi boshlandi. Professor bugun oʻzini yaxshi his qilyapti. Yurak urishi moʻ’tadil. Meditsina komissiyasi bugun uning miyasida va asablarida oʻzgarishni qayd qilmadi.

Soat 20.15. Tajribaning uchinchi bosqichi yakunlandi. Elallomalar reja asosida uzluksiz ishladi. Professorning sogʻligʻi yaxshi. Tajriba ertaga davom etadi».

Koʻcha odatdagidan gavjumroq edi. Toʻp-toʻp boʻlib kelayotgan yoshlar qattiq-qattiq gapirib, nimanidir muhokama qilishardi. «Darvoqe, bugun futbol bor edi». Jahongir xiyobon boʻylab asta yurib borar, tajribaning murakkablashayotganini oʻylardi: «Shamsibek Ulugʻbekdan tayin vazifa oldi-yu, uyiga qaytdi. Hozircha Ulugʻbek bir marta suhbat qurdi. Shu bilan tamommi? Shamsibek Buloqboshida, oʻz uyida shahid boʻladimi? Palak-chi? Bu haqda hozircha ma’lumot yoʻq. Tajriba hali uzoq davom etadigan koʻrinadi. Quvvatim yetarmikin? Asablar boʻshashyapti. Yoki dam olsammikin? Yoʻq, dam olishga fursat bor. Elalloma yaxshi ishlayapti. Biroq, bari bir mukammal emas. Uning uchun faqat chirimagan jasad lozim ekan. Toʻqimalarda gap koʻp. Men shuni hisobga olmabman. Endi elallomaning sezgichini taxminan sakson-toʻqson barobar oshirish kerak. Shunda u jasad tanlamaydi. Sezgichni kuchaytirish uchun qoʻshimcha moslamalar oʻrnatilsa asbob oʻn barobar kattalashadi. Shunda hozirgi tajribaxona torlik qilib qoladi. Yangi bino soʻrash kerak. Hozir soʻrasam, kelgusi bahorgacha berishar...

Jamshid bugun kelmadi. Futbolga borgandir. Ishi nima boʻldi ekan? Juda qiynalib ketdi. Men yoshligimda bunchalik qiynalmagandim. U shubhasiz zoʻr iste’dod egasi. Qiziq, men buni bila turib oʻziga aytmayman. Koʻproq ishlashga majbur qilaman. Uning yangi avtomobili jahon miqyosidagi kashfiyot boʻladi. Oʻshanda unga oq fotiha beraman. Shundan soʻng mening oʻgitlarimga hojat qolmaydi. Istasam-istamasam shuhrat libosiga oʻraladi. Faqat oʻzini tutib tursa bas.

Oʻgʻlimning kashfiyoti har qanday avtomobil halokatiga chek qoʻyadi. Exolokatsiyadan shu darajada foydalanish bionikaning katta yutugʻi. U bunga ikki yil ichida erishyapti. Yaxshi natija. Lekin tajribalari koʻngildagidek chiqmayapti...»

Jahongir anhor tomonga burildi. U xizmatdan qaytar mahali koʻpincha shu sohilda hordiq chiqarardi. Hozir ham suyanchiqsiz kursiga oʻtirib, suvga tikildi. Anhor toʻlib oqyapti. Loyqa suvning yuzasida xas-choʻplar qorayib koʻrinadi. Jahongir hech narsani oʻylamay tiniqib olish maqsadida qirgʻoqqa ship-ship urilayotgan toʻlqinchalarni kuzatdi. Shu zaylda oʻtirdi. Keyin uyi tomonga yoʻl oldi. Muyulishda bir qiz bilan turgan oʻgʻlini koʻrib, ularni xijolat qilmaslik uchun orqasiga qaytmoqchi edi, ulgurmadi. Jamshid otasini koʻrib, u tomon yurdi.
— Dada, telefon qilsam, tajriba tugamadi, deyishdi. Keyin borsam, chiqib ketgan ekansiz. Hayron boʻlib turuvdim, — dedi u yaqinlashib. Soʻng qizni tanishtirdi. — Lolaxon, birga ishlaymiz.

Qiz salom berdi.
— Endi men boray, — dedi koʻzini yerga tikib. Jahongir xayr, deb yoʻlida davom etdi. Jamshid sal oʻtmay unga yetib oldi.
— Uni kuzatib qoʻymadingmi? — dedi Jahongir.
— Unamadi. Uyi yaqin...
— Ishlaring qalay?
— Ishlarim... yomon emas.
—Yashiryapsanmi?
— Aytganimning foydasi yoʻq. Faqat ishingizga xalal beradi.
— Aytaver.
— Qisqasi... Tajribalarimni toʻxtatish haqida buyruq chiqdi.
— Nega?
— Keyingi tajribalar ham yaxshi natija bermadi.
— Buyruqni kim berdi?
— Kim boʻlardi, ilmiy rahbarim. Dissertatsiya mavzuini ham oʻzgartir, deb aytdi.
— Boʻlmagan gap! Bunday qilishga uning haqqi yoʻq!

Jahongir uyga kirib, bir piyola choy ichdi-da, oʻrnidan turdi.
— Sen ovqatga harakat qil. Men darrov qaytaman,— deb Jamshidning ilmiy rahbari Suhrob Xoʻjaevnikiga yoʻl oldi. Jahongirning bu olim bilan eski tanishligi bor. Biroq salom-aligi koʻpdan beri yoʻq edi. Jahongirning kechki payt yoʻqlab kelishi Suhrobni hayron qoldirmadi. Mehmonni sun’iy iliqlik bilan qarshilab, ichkariga boshladi. Jahongir dasturxon tuzamoqchi boʻlgan ayolga e’tiroz bildirdi. Xoli qolishgach, soʻz boshladi:
— Nima uchun kelganimni payqagandirsan?
— Oʻgʻling masalasidadir?
— Yoʻq, yosh olimning taqdiri masalasida. Sening yosh olimga boʻlgan munosabating haqida gaplashgani keldim. Jamshid menga begona boʻlganida masalangni akademiyaga qoʻygan boʻlardim.
— Men shu darajada katta gunoh qilibmanmi?
— Seningcha gunohmasdir. Lekin tajribani toʻxtatish haqidagi buyrugʻing, menimcha, fan oldida katta jinoyat. Tajribani toʻxtatishga haqqing yoʻq!
— Tajriba boshi berk koʻchaga kirib qoldi. Endi undan yangilik kutish qiyin. Men davlat pullarini shamolga sovurolmayman. Mening tajribaxonam bexato ishlashi kerak.
— Bu oʻzingning fikringmi yo biror koʻrsatma bormi?
— Bu fikr emas, printsip! Men shu asosda ishlayman. Xatolarga tobim yoʻq.
— Mana shu «printsip» sening qusuring. Sen hamisha yengil yoʻlni izlarding. Boshqalardan ham shuni talab qilasan.
— Men ustozman. Shogirdlarimni istagan yoʻlimga boshlayman. Ular aniq va bexato ishlashlari kerak.
— Xatoga yoʻl qoʻysalar-chi?
— U holda bu sohani tashlashlari kerak yo mavzuni oʻzgartirishlari lozim.
— Yoʻq. Haqiqat yoʻlida koʻp xatolar boʻladi. Agar birgina xato deb, haqiqat yoʻli toʻsilaversa biz haligacha ibtidoiy davr chegarasidan hatlamagan boʻlardik. Biofizika tarixi oʻn yettinchi asrga, Dekartning fikrlariga borib taqaladi. Biofizika instituti esa ilk marta 1919 yilda asos topdi. Shu vaqt orasida qancha kashfiyotlar qilindi, qancha xatolar roʻy berdi. Agar shu fikringda tursang, Leonardo da Vinchini ham surib tashlashing kerak. Axir u taklif qilgan poʻlat qush hech amalga oshmaydigan ish-ku? Holbuki oʻsha qush keyinchalik samolyot yaratish fikriga turtki boʻldi. Endi uni bionikaning asoschilaridan deb tan olasizlar-ku?
— Tarixiy misollarni jinim yoqtirmaydi. Bu bilan aql oʻrgatishga tirishma. Undan tashqari, sening oʻgʻling Dekart ham emas, Leonardo da Vinchi ham emas.
— Senga koʻp narsalar yoqmaydi. Lekin dunyo sening istaging bilan tirik emas.
— Balki shundaydir. Lekin hozircha senikiga nisbatan mening istaklarim roʻyobga chiqyapti.
— Masalan?
— Masalan, akademiyaga saylov paytida sening emas, mening nomzodim oʻtdi. Sen shuning alamiga meni tanqid qilib, chalish yoʻlini izlayapsan. Sendan iltimos, bunday puch gaplar bilan meni bezovta qilma. Men bekorchi odam emasman.

Jahongir shasht bilan oʻrnidan turdi. Vujudi gʻazabdan titrab ketdi. Ammo indamadi. Eshik tomonga yurdi. Ostonaga yetganda, Suhrob uni toʻxtatdi:
— Hamma gap omadga bogʻliq ekan. Bir zamonlar sening omading kelib, baxting kulgan edi. Omad endi menga kulib boqdi.

Jahongir uning koʻzlariga tikildi. Bir paytlar u shu koʻzlaridan yosh toʻkib «Ma’rifatni sevaman, usiz yashay olmayman, uni tinch qoʻy», degan edi. Lekin Ma’rifat Jahongirni tanlagan, shu-shu ular orasidagi bordi-keldi yigʻishtirilgan edi. Suhrob buni oʻttiz yildan beri koʻnglidan chiqarmagan ekan. Mana, hozir vaqtni boy bermay oʻch olganidan xursand. Jahongir uning shodligini sezdi. Ostona hatlab tashqariga chiqdi. Ikki qadam qoʻydi-yu, orqasiga qarab: «Ablah ekansan!» dedi.

Suhrob tirjayganicha eshikni qattiq yopdi.

Jahongir duch kelgan mashinani toʻxtatdi-da, uyiga ketdi. Jamshid ovqat tayyorlab, kutib oʻtirgan ekan. Unga «oʻzing yeyaver, ovqatlanib keldim», deb xonasiga kirdi. Qogʻoz-qalam olib, Fanlar akademiyasining prezidiumiga maktub yozdi. Keyin tajriba kundaligini ochdi.

Bekor qilingan hukm (kundalikning uchinchi sahifasi)

Ular Bibixonim masjidiga kirishib bomdod nomozini oʻqishdi-yu, yoʻlga chiqishdi.

Shamsibek ketish oldidan Abdulvahobni yoʻqlamoqchi edi, topolmadi. Masjidda ham uchratmadi... Shahar darvozasidan chiqaverishda otning tizginini tortdi. Pastakkina tolga suyanib, mudrab oʻtirgan Abdulvahobni tanib, unga yaqinlashdi. Tuyoq tovushini eshitib, Abdulvahob koʻzini ochdi. Erinibgina oʻrnidan turdi.
— Uyga qaytyapman, olib ketaymi? — dedi Shamsibek.
— Ishingiz bitdimi?
— Yoʻq, zavjamni olib kelaman.
— Zavjamni? Uylanganingizni aytmovdingiz-ku?
— Ha... mavridi boʻlmovdi.
— Kimga uylangansiz?
— Sherbek zargarning qiziga.
— Mahfuzasigami?
— Ha.

Shamsibek Abdulvahobning Mahfuzaga odam qoʻyganini bilardi. Ammo Sherbek zargar Abdulvahobni xush koʻrmay, shogirdini — Shamsibekni kuyov qildi. Samarqandda yurgan Abdulvahob, albatta, bundan xabarsiz edi. U Mahfuzani koʻrmagan boʻlsa-da, koʻnglida Shamsibekka nisbatan rashk uygʻondi. «Mahfuzasigami?» deganida Shamsibek Abdulvahobning koʻngliga yomon fikr oralaganini sezdi. Lekin sir boy bermadi. Qamariddin tomoq qirib qoʻydi. Shamsibek gapni qisqa qilish kerakligini tushunib:
— Borasizmi? — dedi.
— Yoʻq.
— Nima deb qoʻyay?
— Hech narsa... koʻrmadim, deng.

Shamsibek otning boshini burdi. Abdulvahob mungʻayib turib qoldi. Uning koʻzlarida alam bor edi...

Ular katta karvonga qoʻshilib olishdi. Oʻttizga yaqin tuya oldinda uzoq va ogʻir yoʻl borligini bilganday vazmin yuradi. Har oyoq tashlashganida qoʻngʻiroqlari boʻgʻiq jaranglaydi. Tuyakashlar ahyon-ahyonda ovoz chiqarib qoʻyadilar. Quyosh karvonni erinmay kuzatadi. Odamni uyqu bosadi. Shamsibek bilan Qamariddin tizginni boʻsh qoʻyishgan, otlar boshlarini egib, tuyalar yonida borishadi.
— Haligi telba gadoni olib ketmoqchi edingizmi?— dedi Qamariddin.
— Ha. Bu ahvoliga odam achinadi.
— Juda koʻngilchan ekansiz, uka. Haddan ziyod koʻngilchan boʻlish ham yaramaydi. Shahriyorimiz mehri issiqlik qilib bu devonavashlarni erkin qoʻydilar. Mana oqibat: ular tuhmatu igʻvodan boʻshamay qolishdi. Fasod toshlarining bari sultonimizga otilyapti.

U bir oz jim yurgach, yana soʻz ochdi:
— Ammo, shahriyorimiz muhtasibni xoʻb mot qilgan-da, eshitganingiz bordir?
— Yoʻq.
—Ana xolos... Hammaning ogʻzida duv-duv gapku... Uch-toʻrt oy burun shahriyor bilan Bibixonim masjidiga juma namoziga bordik. Namozdan soʻng muhtasib davlatpanohning sha’niga nojoʻya gaplarni aytdi. Bu gaplarni eshitib, men gʻazabdan titrayapman-ku, shahriyor esa kulimsirab oʻtiribdilar. Muhtasib soʻzini tugatgach, shahriyor oʻrinlaridan turdilar. Masjidga yigʻilganlar, shahriyor hozir muhtasibni jazoga buyuradilar, deb oʻylashdi. Biroq kutilmaganda shahriyor muhtasibni savolga tutdilar: «Aytadilarkim, piringiz sizni hazrati Muso darajasiga qiyoslabdilar, shu rostmi?» Sayid Oshiq tasdiq ishorasini qilgach, shahriyor davom etdilar:
— Siz oʻzingizni hazrat Musodan ustun deb bilasizmi?
— Yoʻq.
— Balli. Endi ayting-chi, Fir’avn1 ulugʻmi yoinki menmi?
— Siz.
— Balli. Ollo taolo «Fir’avnga qattiq-qattiq gap aytma, hatto u bilan muomalani yumshoq qil», deb hazrat Musoga farmoyish berganida, nima uchun hazrat Musodan past boʻlgan janobingiz Fir’avndan balandroq boʻlgan kaminaga bu qadar qoʻpollik qilyapsiz?

Muhtasib ogʻiz ocholmay qoldi. Nazarimda yer yorilmadi-yu, yerga kirib ketmadi. Men xaloyiq oldida mulzam boʻlishdan oʻlimni afzal koʻrardim. Muhtasib aqli qusurligini shunday namoyish etdi-qoʻydi.

Qamariddin yaxshi hamroh edi. Shamsibekni zeriktirmadi. Kezi kelganda ilm bobida ham bahslashdi. Bahsda har yengilganida iyagini qashib, «yoshligimda oʻqimadimda», deb qoʻyardi. U tugʻma polvon edi. Samarqandning manman degan sherbilaklari haligacha uning kuragini yerga tegiza olmagandi. Qamariddinni koʻtarib yerga urish uchun ham uncha-buncha kuch kifoya qilmasdi. Agar otga oʻtirsa, chetdan qaragan kishiga xuddi jonivorning beli sinib ketayotganday tuyulardi. Lekin kurashlar, qilich chopishlar haqida koʻp gapirmadi. Uning suhbatidan bahra olgan Shamsibek «agar purdil boʻlib tugʻilmasa, albatta, alloma boʻlib tugʻilardi», deb qoʻydi.

Karvon hamon ilgarilaydi. Qoʻngʻiroqlar hamon boʻgʻiq ovoz chiqaradi. Andijonga yaqinlashishdi. Hademay ular katta karvondan ajrab, yoʻlni bogʻ koʻchaga burishadi. Qamariddin otni yetaklab boryapti. Shamsibek bir maromda qadam tashlayotgan tuyalarga tikiladi. Ularning qatori buzilmaydi. Tuyalar taqdirga tan bergan — boʻyin egganlaricha olgʻa yurishadi. Faqat oʻrtadagi tuya ba’zi-ba’zida toʻxtamoqchi boʻladi. Boʻtaloq yelinga intiladi. Tuya esa toʻxtolmaydi. Burunduqning arqoni oldingi tuyaga bogʻlangan. Burunduqlar hamma tuyalarda bor. To birinchi tuya toʻxtamaguncha, ular dam olisholmaydi. Birinchi tuyaning izni ham oʻzida emas.

Shamsibek onasiga talpinayotgan boʻtaloqdan, bolasiga sut berolmay, yurak azobida osmonga qarab boʻkirib qoʻyayotgan tuyadan koʻz uzmay qoldi. «Odamlar ham shundaymilar? — deb oʻyladi u oʻzicha, — ularning burunlaridan ham koʻrinmas halqa oʻtkazilganmi? Halqalar bogʻlangan arqonning uchi shahriyorning qoʻlidami? Agar biror kimsa haq yoʻldan toysa, u tortib qoʻyadimi? Men-chi?.. Kindik qonim toʻkilgan yerni tashlab, shahristonga kelishga majbur boʻlyapman-ku?! Nahot odamning izmi oʻzida boʻlmasa? Odamni bogʻlagan halqaning nomi tirikchilikmi? Odam shu tirikchilik vajidan boshqa bir kimsaga boʻyin egadimi? Onadan hamma bir xilda yalangʻoch, bir parcha jish boʻlib tugʻiladi. Lekin birovi zarga oʻraladi, birovi churuk laxtakka. Bu muammoga shahriyor ham javob berolmasa kerak... Fuqaroning barini zarga oʻrab boʻlmaydi...»

Shamsibekning xayolini Qamariddin buzdi:
— Anavi yerda katta qishloq borga oʻxshaydi-a? — dedi u qamchini bilan magʻribni koʻrsatib.
— Ha, bor, — dedi Shamsibek. Keyin oʻsha tomonga tikilib qoldi.
— Toʻy boʻlyapti shekilli, — dedi Qamariddin yonayotgan mash’alalarga ishora qilib.
— Yoʻq, toʻy boʻlsa, katta gulxan yoqishmaydimi? Qishloq notinch koʻrinadi.
— Boʻlmasa boraylik.

Ular ot yoʻrttirib ketishdi. Olomon toʻplangan besh paxsalik devor oldiga kelib tizginni tortdilar. Devor ostida yaktaklari yirtilgan, yuzlari moʻmataloq yigit bilan durrachasini yuziga toʻsib dir-dir titrayotgan qiz, sal narida esa, katta salla oʻragan, qora soqolli bir kimsa tasbeh oʻgirib turardi. Hamma kimnidir kutardi.

Qamariddin odamlar orasidan oʻtib, sallali kishiga yaqinlashdi-da, salom berdi.
— Taqsir, bu yigʻilishning boisi nima?
— Ahli islom gumrohlarni jazolagani toʻplangan.
— Gumrohlar shularmi? — dedi Qamariddin yigit bilan qizni koʻrsatib.
— Ha.
— Jaroyimi nedur?
— Buni ahli islomdan soʻrang.
— Men sizdan soʻraydurman.

Tasbeh ushlagan katta sallali kishi boʻsh qoʻli bilan soqolini silagan boʻlib «astagʻfirulloh», deb pichirladi-da, unga qovoq uyib qaradi.
— Oʻzlari kim boʻlurlar? Musofirga oʻxshaydurlar? Musofir izzatini bilmogʻi darkor.
— Aybga buyurmaydilar, taqsir, biz shahriyorning amri oliylari bilan Samarqanddin Andijon sari yoʻl olganmiz. Bu olomon sabab boʻlib toʻxtab edik. — Qamariddin shunday deb, yaktagining ich choʻntagidan Ulugʻbek muhri bosilgan poygirni chiqardi. Oʻpib, koʻziga surtdi-da, sallali kishiga uzatdi. U ham poygirni ehtiyotlab olib, oʻpib koʻziga surtdi. Keyin ochib, undagi shohona muhrni koʻrdiyu soʻzlarini oʻqimayoq, bukilib ta’zim qildi.
— Biz osiylarni aybga buyurmaydilar.

Bu kishining ta’zim qilganini koʻrganlar ham beixtiyor ta’zimga berildilar.

Shamsibek toʻpning chetrogʻida turardi. Bu manzarani koʻrib kulimsiradi. Yonidagi moʻysafiddan asta soʻradi:
— Bularning jaroyimlari nima ekan?
— Bu yigit shu muzofotning pahlavoni edi. Oʻtgan bozorda qozikalonning polvonini dast koʻtarib yerga qoʻyibdi. Eshitishimizcha, qozikalon bu kurashdan koʻp narsa umid qilgan ekan. Bugun ertalabdan bechoralarni azoblaydilar.
— Nechun?
— U nikohlangan qiz bilan don olishibdi chogʻi.
— Jaroyimini oʻzlaring ham bilmaysizlarmi?
— Hammaning ogʻzida har xil gap. Qay biriga ishonishni bilmay qoldik.

Shamsibek «vo ajab!» deganicha olomon orasidan oʻtib borib, Qamariddinga yaqinlashdi.
— Taqsir, — dedi Qamariddin katta sallali kishiga, — bularning jaroyimlaridan meni hanuz voqif qilmadilar-ku?
— Aybsitmaysiz, hozir hamma gapni bayon qilaman. Koʻrib turganingiz bu qiz chorshanba kuni Ahmadboyvachchaga nikohlangan edi. Kecha toʻy arafasida anavi iblis qizning boshini aylantirib olib qochmoqni xayol qilibdi. Odamlar ushlab huzurimga keltirishdi. Biz «Devorga bostirilsin!» deb hukm chiqardik.
— Ularni ayb ustida ushlashibdimi? — soʻradi Shamsibek.

Katta sallali kishi Qamariddinga savol nazari bilan qaradi.
— Taqsir, bu yigit shahriyorning eng suyukli shogirdi. Shahriyor bu kishini qanotlari ostiga olganlar, — deb izoh berdi Qamariddin.

Davra sallali kishi boshchiligida endi Shamsibekka ta’zim qildi.
— Ahmadboyvachcha bilan nikohga qizning oʻzi rozi boʻlib edimi?
— Ha, men oʻzim guvohman.

Shamsibek qizga yaqinlashib, engashdi:
— Singlim, ayting-chi, Ahmadboyvachcha nikohiga oʻzingiz rozi boʻlib edingizmi? — Qiz indamadi. Qoʻrquv va dahshat hali ham uning vujudini muzlatib turar edi. — Ayting, singlim, qoʻrqmang.

Qiz asta «yoʻq», deb bosh qimirlatdi.

Shamsibek iziga qaytdi.
— Taqsir, ojizaning rizoligisiz oʻqilgan nikoh inobatga oʻtadimi? Bu nikoh shariatga xilof emasmi?— deb soʻradi u sallali kishidan.
— Nikoh shariatga xilof boʻlsa ehtimol. Ammo ularning harakatini nima deb baholamoq kerak?
— Ayblaridan oʻtmoq mumkin emasmi? Yosh umrlarini xazon qilmoq ham gunohi azim sanaladi-ku?
— U holda dinimiz pokligini qay holda saqlamoq kerak? Bandalarni zinodan qanday qaytarmoq lozim?
— Adolat yoʻli bilan, — Shamsibek shunday deb sallali kishiga savol nazari bilan tikildi: — Taqsir, oʻzlari bularni zinokor deb hisoblaydilarmi?
— Ayni rost.
— Shunga koʻra jazo belgiladilarmi? Fikri ojizimcha, devorga bostirmoqqa hukm qildilarmi?
— Ayni rost. Ikkovi beliga qadar koʻmilib, soʻng ustlariga, koʻrib turganingiz devor yiqitilur.
— Taqsir, hukmingiz shariatga andak xilof emasmi?
— Bizning qoʻlimiz shariat hukmida qat’iydur, — dedi sallali kishi, savollardan norizo ekanini yashirmay.
— Agar malol olmasangiz, shariat hukmiga doir bir-ikki savolni soʻrasam, — Shamsibek shunday deb Qamariddinga qarab oldi. Sallali kishi ham «Bu yigit haddidan oshmayaptimi?» degan ma’noda Qamariddinga qaradi. Qamariddin «soʻrayvering», deganday im qoqqach, Shamsibek yana sallali kishiga yuzlandi:
— Taqsir, ma’lumingizkim, janobi paygʻambarimiz alayhissalom bir odamni zinoda ayblamoqdan avval obdon soʻrab-surishtirganlar. Bu xususdagi hadisi shariflarni janobingizga eslatmoqning zarurati yoʻqdir. Bu bandalarning zino qilganlari, ya’nikim, shahvatlarini harom yoʻl bilan qondirganlariga guvohlar bormi?
— Bor, — sallali kishi oʻzidan sal narida turgan ikki yigitni imlab, yoniga chorladi. — Guvohlar shular.

Shamsibek yaqinlashgan yigitlarning salomlariga alik olgach, yana kishiga yuzlandi:
— Taqsir, guvohlik uchun toʻrt odil musulmon erkak lozimligini unutganingiz yoʻqdir? — Sallali kishi javobdan boʻyin tovlab, nazarini olib qochgach, Shamsibek yigitlarga yuzlandi: — Sizlar bularni qandayin sharmandali holda koʻrdinglar?

Yigitlar «kim javob beradi?» degandek, bir-birlariga qarab olishgach, moʻylovi oʻsinqirab tepa labini bosayozgan yigit, oʻziga ham ishonmagan tarzda gap boshladi:
— Boy otam buyurdilarki... nikohlariga olganlarini bir boshi buzuq olib qochgan ekan... «Quvinglar», dedilar. Keyin «ushlangu ushlagan yeringizda oʻldiring» ham dedilar. Omma, biz oʻldiradagʻon jallod emasmiz. Bularni shahar yoʻlida tutdigu izlariga qaytardik.
— Sizlar koʻrganingizda qanday holda edilar? — deb savolini takrorladi Shamsibek.
— Qiz ot ustida, yigit jilovni ushlab olgan, pastda, piyoda edi.
— Demak, ularni sharmandali holda koʻrmadingiz?
— Yoʻq, taqsir.
— Taqsir, endi gunohkor deyayotganingiz yigitni chorlang-chi, bu hukmda zinokorning iqrori ham darkor.

Sallali kishining ishorasi bilan yigitni boshlab keldilar. U Ollohning nomini zikr etgani holda qasam ichib, qoʻyilmish aybni inkor etgach, Shamsibek yana sallali kishiga murojaat qildi:
— Taqsir, avvalo shuki, bularning zinokor ekanliklari tasdiq topmadi. Yana shuki, yigit hali uylanmagan, qizning nikohi esa shubhali, avvali — uning nikohga rizoligi yoʻq, soʻng esa nikohlangani bilan er-xotin sifatida yashamagan, demakkim, u ham oilasiz maqomidadir. Shundoq ekan, ular zinokor boʻlgan taqdirlarida ham, siz lozim topganingiz hukm — belga qadar koʻmib, soʻngra ustlaridan devor bostirmoqlik bularga emas, besoqolbozlarga xossatandir. Yana shuki, bular gʻoʻrlik qilib noma’qul yoʻlga kirishga urinibdilarkim, bunga jazo — ta’zirdir, oʻn darra kifoyadir.

Qamariddin Shamsibekning mantiqiy tahliliga qoyil qolib, «Nima der ekan?» degan ma’noda sallali kishiga qaradi. U javob bermay, tasbehini aylantiravergach, Shamsibek Qamariddinning qulogʻiga shivirladi. Qamariddin hamrohiga ajablanib qaradi-da, soʻng sallali kishiga yuzlanib:
— Taqsir, bu yigit purdil emish, shu rostmi? — deb soʻradi.
— Ha, bu iblisda filning kuchi bor.
— U holda men uni sinab koʻrayin. Men shahriyorimiz uchun purdil yigitlarni tanlab yurib edim.
— Ixtiyoringiz, — dedi sallali kishi e’tiborsiz ohangda.
— Yigitga ogʻirlik qilmasmikin, ancha azob chekkan, — dedi Shamsibek.
— Purdil azob degan narsani bilmaydi, — dedi Qamariddin. Keyin yigitga yaqinlashib, soʻradi: — Bel olishmoqqa chogʻingiz bormi?

Yigit Qamariddinga burgut qarash qildi. Uning qoʻl-oyoqlarini yechib qoʻydilar. U bilaklarini uqalab oʻrnidan turdi.
— Qiyiq beringlar! — dedi kimdir.

Darrov qiyiq uzatishdi. Yigit belini mahkam bogʻlab, Qamariddinga yaqinlashdi. Shamsibek shundagina uning Qamariddindan qolishmasligini sezdi.

Qamariddin harifini bir necha muddat boʻsh qoʻydi. Yigit ham shoshilmadi. Ikkovlari bir-birlarining belbogʻlaridan mahkam ushlaganlaricha bir yerda aylanishar, goʻyo qulay payt poylashardi. Odamlar maydonchaga yaqinlashib davra hosil qilishgan, hammaning e’tibori kurashchilarda edi. Bu kurash katta toʻylar yoki boʻlak marosimlardagi kurashlarga oʻxshamasdi. Odamlar «Qani, koʻtar endi!», «Boʻsh kelma!», «Ha, barakalla!» deb qichqirishmas, quvonishmas, bahslashishmas edi. Kurash osoyishta boshlanib, osoyishta davom etardi. Xaloyiq kurashning nima maqsadda boshlanganidan, gʻolibni nima kutishidan hali bexabar edi.

Qamariddin uch-toʻrt aylangach, yigitni oʻziga tortdi. Yigit hushyor edi. Beli bukilmadi. Shunda Qamariddin dahanini yigitning yelkasiga qattiq tirab uning belini bor kuchi bilan qisdi. Bel bukilmadi. Qamariddin yigitning oyogʻini bir oz boʻlsa-da, yerdan uzib yonboshga olmoqchi boʻldi. Yigit zarang daraxtday edi. Oyogʻi yerdan uzilmadi. Qamariddin endi astoydil kurashga berilgan, yigit boʻlsa unga javob qilishga shoshilmasdi. Bu orada davraning osoyishtaligi buzilgan, ayrim betoqatlar «nega qarab turibsan!» deb baqira boshlashgan edi.

Boshini Qamariddinning yelkasiga tirab olgan yigit yalang oyoqlari bilan yerni paypaslaganday boʻldi. Bir zum harakatdan toʻxtadi. Qamariddin uning hamlaga tayyorlanayotganini sezdi. Diqqatini toʻpladi. Darhaqiqat, soniya oʻtmay yigit kuch ishlatdi. Qamariddinning beli bukilmadi. Shunda yigit oʻzini sal orqaga tashladi-da, Qamariddinni aylantirmoqchi boʻldi. Eplay olmadi. Davraning hayajoni oshdi. Yigitga kuyunganlar unga dalda bera boshlashdi. Kurashchilar maydonni halqaday oʻrab turganlarga yaqinlashishdi. Odamlar oʻzlarini orqaga tashladilar. Shu damda yigit oʻng oyogʻini Qamariddin sari tashlab harifiga yaqinlashdi-da, shu onning oʻzida uni qattiq kuch bilan siltab tortdi. Qamariddinning beli bu kuchga bas kelolmadi. Yigit «yo, pirim!» dedi-da, uni dast koʻtardi. Olomon xursandchilikdan qichqirib yubordi. Qamariddin yigitning qoʻlida — qarshilik koʻrsatishga ilojsiz edi. Yigit uni yonboshga ham olmadi, yerga ham qattiq urmadi. Asta yerga qoʻydi. Polvonlar orasida bunday tantilikni faqat oʻziga ishonganlar qila olardi. Qamariddin yigitni bagʻriga bosdi. Yigit uning bagʻridan boʻshagach, yana joyiga borib oʻtirdi.
— Taqsir, ijozatingiz bilan men bu yigitni shahriyor huzuriga olib ketsam, — dedi Qamariddin katta sallali kishi davrasiga qaytgach.
— Men shariat hukmini buzolmayman. Hukmga ahli islom guvoh boʻlgan.

Qamariddin olomonga yuzlandi:
— Aziz fuqaro, — dedi u baland ovozda, — bular oʻz jigarbandlaring ekan. Gʻoʻr ekanlarki, gumrohlik qilibdilar. Ayblaridan oʻtsa boʻladimi?

Har tomondan «boʻladi, aybidan oʻting, taqsir!» degan ovozlar keldi.
— Ana, taqsir, ahli islom rozi. Siz ham rozi boʻling. Shahriyor marhamatidan bahramand boʻlursiz.

«Shahriyorning marhamatini» eshitgach, sallali kishi tasbeh ushlagan qoʻlini koʻtarib:
— Gunohlari boʻlsa, u dunyoda Tangri oldida oʻzlari javob bergaylar, — dedi.

Olomon asta tarqala boshladi. Qiz bilan yigit oldiga hech kim yaqinlashmadi. Shamsibek hukm bekor qilingani hamon toʻdadan ota-onalarning otilib chiqib, farzandlari tomon intilishini kutgan edi. Lekin bunday boʻlmadi. Katta sallali kishi ta’zim bilan Qamariddinga yuzlandi:
— Taqsir, qadam ranjida qilib, gʻarib kulbamizni charogʻon etsangiz, xizmatingizda boʻlsak, — dedi u tavoze bilan.
— Qulluq, — dedi Qamariddin yarim ta’zim bilan, — marhamatingizdan boshimiz koʻkka yetdi. Bu kech manzilga yetishimiz lozim. Qoʻnib oʻtishga fursatimiz yoʻq.

Yana bir qancha mulozamatlardan soʻng ular tarqalishdi. Shundagina daraxtzor tomonda turgan ayol va ikki moʻysafid ularga yaqinlashishga jur’at etishdi. Qiz yuzini devor tomonga oʻgirib, yigit esa boshini quyi egib oʻtirardi. Ayol qizning boshiga qora toʻn yopdi. Moʻysafidlar yigitni qoʻltigʻidan olishdi. Qamariddin bilan Shamsibek ularga yaqinlashishgach, yigit qoʻlini koʻksiga qoʻydi-da, bosh egdi:
—Qulluq, taqsir, — dedi yoʻgʻon ovoz bilan.

Uning bu ta’zimida magʻrur minnatdorlik sezilib turardi.
— Sizlar har nechuk bu zoʻrlarning volidlaridursizlar? — dedi Qamariddin moʻysafidga yuzlanib.
— Yoʻq, taqsir, — dedi qariyalarning biri, — koʻrib turganingiz shu yigit biznikida qoʻnoq edi. Jannatmakon otasi bilan biz ulfat edik. Koʻrib turganingiz bu ayol esa zaifamiz boʻladilar.
— Qizning volidayni2 nechuk koʻrinmaydi?
— Taqsir, bu voqeadan keyin qizlarini oq qilganlar.
— Ismi nasabing nima? — deb soʻradi Qamariddin yigitdan.
— Gʻanimurod Toʻxtamurod oʻgʻli, — dedi moʻysafid yigit oʻrniga javob berib.
— Gʻanipolvon, tongga qadar yoʻl hozirligini koʻrib qoʻy. Bomdoddan soʻng yoʻlga chiqamiz.
— Karvonsaroygacha hali koʻp yuramizmi? — deb soʻradi Shamsibek.
— Ha, xiyla bor.
— Taqsir, — dedi gapga aralashmay qoʻl qovushtirib turgan moʻysafid. — Aybga buyurmaydilar, biz gʻariblarga iltifot koʻrsatib, koʻnglimizni togʻday koʻtardingizlar. Karvonsaroy xiyla uzoqda, shu boisdan yana marhamatlarini ayamay, bizga qoʻnoq boʻlsalar. Borimizni baham koʻrsak.
— Bajonidil. Ammo sizlarni bezovtalab qoʻymasak edi...
— Kambagʻalning uyi tor boʻlsa ham, koʻngli keng, taqsirim.

Chogʻroq hovliga kirib kelishdi. Ayollar tez- gina ichkariga oʻtib ketdilar. Mehmonlar uchun qora chiroq yonib turgan, qizil sholcha solingan uyga joy qilindi. Dam oʻtmay hovliga odam toʻplandi. Qoʻy soʻyildi. Aftidan uy egasining qoʻni-qoʻshnilari ham «marhamatli kishilar»ning qoʻnoq boʻlganini eshitib, topgan-tutganlarini olib chiqishgan edi.

Moʻysafid tashqariga yoʻnalishi bilan Shamsibek hamrohidan: «Ulamolarning gapini nechuk yerda qoldirdingiz?» — deb soʻradi.
— Ular ham Sayid Oshiq kabi odamlar-da, soʻzi shirinu tilida zahar bor. Koʻngli qora. Bergan bir burda noni menga singmaydi.
— Harakatingizdan taxmin qilib edim, toʻgʻri chiqdi, — dedi Shamsibek kulimsirab. Keyin eshik ogʻzida koʻringan moʻysafidga qarab: «Eshigingizda toʻy boʻlib ketdi, shekilli?» — dedi.
— Albatta, albatta, sizdek tabarruk zotlar keladiyu toʻy boʻlmaydimi?
— Siz Gʻanipolvonga volid oʻrnida ekansiz. Shu yigʻinni uning toʻyiga aylantirsak-chi?
— Ajab boʻlar edi, — dedi moʻysafid quvonib. — Agar Gʻanijonni olib ketish chindan xayolingizda boʻlsa, nikohini koʻrib qolsak...
— Domlani chaqiraering, — dedi Qamariddin uning soʻzini boʻlib.
— Taqsir, oʻzlari mullo koʻrinadilar, — dedi moʻysafid Shamsibekka murojaat qilib. — Agar malol kelmasa, oʻzingiz oʻqisangiz. Qishlogʻimiz domlasi jur’at etolmaydi.
— Maylingiz, — dedi Shamsibek. — Qiz tomonga ham xabar qiling, hozirlik koʻrib qoʻysunlar.

Moʻysafid chiqdi. Bir ozdan soʻng nikoh marosimi boshlandi.

Hovliga katta gulxan yoqildi. Yigitlar Gʻanipolvonni oʻt atrofida aylantirib yor-yor aytishdi. Ichkaridan ham ayollarning yor-yori eshitildi. Hamma marosim bajo keltirilgach, odamlar tarqalishdi. Qamariddinning xohishi bilan katta oʻrik ostidagi supaga joy qildilar. Moʻysafid ham supa chetiga yakandoz soldi.
— Gʻanipolvonning volidlaridan joy qolmaganmidi? — deb soʻradi Shamsibek yotar chogʻi.
— E, taqsir, buning tarixi uzun, — dedi moʻysafid supa chetiga omonat oʻtirib. — Gʻanijonning dadalari ham nom chiqozgʻon polvon edilar. Es-es bilaman, buvalarining ham kuraklari yerga tegmagan. Toʻxtamurod polvon kurash tusharmish desa, muzofotning odamlari yogʻilib kelardi. Mard odam edi. Harifiga sira shikast yetkazmasdi.

Bu gapni eshitib Qamariddin maydondagi voqeani esladi-da, bir qimirlab oldi. Moʻysafid hikoyasini davom ettirdi:
— Bir kuni deng, shu Ahmadboyvachchani dadalari sunnat qildirgan kunlari edi shekilli, uloq berdilar. Muzofotning oʻn chogʻli nomdor polvonlarini ham ayttirgan ekanlar. Katta kurash boʻldi. Toʻxtamurod yonimizda jilmayib turaverdilar. Qarasak, maydonga tushgulari yoʻq. Polvonlar ham, odamlar ham shu kishiga qarashdi. Oxiri boybuvaning oʻzlari chaqirdilar, maydonga tush dedilar. «Aybsitmang, boybuva, bugun tusholmayman», dedilar Toʻxtamurod. Shunda boybuva xunuk soʻzlarni aytvordilar. Toʻxtamurodning hamiyatlari kuchli edi. Belbogʻni mahkam bogʻlab oʻrtaga tushdilar. Ikki-uch aylantirishda davraning zoʻri boʻlib turgan polvonning kuragini yer tishlatib, belbogʻni yelkalariga tashlab, sovrinni olmayoq chiqib ketdilar. Orqalaridan bordik. Avvaliga kurashga tushmaganlarining boisini soʻradik. Toʻxtamurod toʻnni yechib, yaktakni koʻtardilar. Bellariga deng, ikkita yongʻoqday chipqon chiqqan ekan, haligi kurashda belbogʻ siqib yuboribdi. Biz toʻyga qaytdik. Toʻxtamurodning sovrinni olmaganlari boybuvaga qattiq tekkan ekan. Haligi polvonlarni sarxush qilib, Toʻxtamurodga yuboribdilar. Nomardlar deng, u kishini ayamay doʻpposlashibdi. Ertalab borsak, Toʻxtamurodning boshlari yorilgan, qoʻli singan. Qaytar mahalimiz Toʻxtamurod «Endi bu qishloqdan boshimni olib ketaman. Shahristonga boraman», deb qoldilar. Ertasiga kelib koʻch-koʻlonlarini aravaga ortib berdik. Toʻxtamurodning issiqlari baland, koʻzlari kirtaygan, biror kun qoling, desak ham koʻnmadilar. Aravaga zavjalari bilan endi tilga kirgan Gʻanijonni chiqarib, oʻzlari otni yetakladilar. U kishidan oʻn olti yo oʻn yetti yil darak boʻlmadi. Oʻtgan qovun pishigʻida Gʻanijon kirib keldilar. Eski aravada volidalari. Margʻilondagi bir kurashda Toʻxtamurodning bellari qattiq lat yeb, qazo qilibdilar. Gʻanijonning volidalari xasta ekanlar, uch kundan keyin omonatlarini topshirdilar. Ularning eshiklarini Ahmadboyvachcha oʻziniki qilib olgan edi. Marhumani shu oʻzimizning eshikdan chiqardik... Agar aybga buyurmasangiz, sizdan bir narsani soʻrasam.
— Marhamat.
— Bilishimcha, bu tong yoʻlga chiqasizlar. Gʻanijonni olib ketish niyatidasizlar. Chillalik deganday...
— Darvoqe, bu tomonini oʻylamabmiz-ku? — dedi Qamariddin.
— Qaytar mahalimiz kirib oʻtsak-chi?
— Ma’qul gap. Ammo nojinslar...
— Xotirjam boʻlaversinlar, taqsir, bu yoqda biz bor. Endi ular shar’iy nikohdalar, jur’at qilolmaydilar.

Oʻrtadagi gulxan asta oʻchib bordi. Bir-ikki uchqun sachratgach, qizil choʻgʻ ham soʻna boshladi. Sachragan uchqunlar xuddi yulduz boʻlishga shaylanganday, koʻkka sapchidi-yu, lekin yerdan bir quloch uzilmay yengil kulga aylanib zaminga qoʻndi. Borliq qorongʻilik qa’riga singdi. Shamsibek uzoq vaqt itlarning xurishiga quloq tutib yotib, koʻzi ilinganini sezmadi.

Bomdodga turishganida moʻysafid safar jabduqlarini tayyorlab qoʻygandi. Nonushtadan soʻng otlarni yetaklab tashqariga chiqishdi.
— Manzillaringiz Andijonmi, taqsir? — deb soʻradi moʻysafid.
— Andijondin ikki yigʻoch1 yoʻl. Buloqboshi degan qishloq, — dedi Shamsibek.

Xayr-xoʻshlashib yoʻlga tushdilar. Bir-biriga koʻngil qoʻygan qiz bilan yigitni qovushtirib qoʻyganlaridan ikkovlari ham xursand edilar...

Majburiy tanaffus

«19... yil, 20 aprel. OʻzFA Biofizika ilmiy-tekshirish instituti. Professor Alievning tajribaxonasi.

Soat 14.30. Tajribaning toʻrtinchi bosqichi boshlandi. Meditsina komissiyasi professorning asablaridagi oʻzgarishni qayd qildi. Lekin ushbu bosqichdan soʻng dam olish sharti bilan tajribani davom ettirishga ruxsat berdi.

Soat 18.35. Professorning yurak urishi tezlashyapti.

Soat 18.50. Elallomaning tahlillash va xulosalash boʻlimidagi kuchlanish oʻzgardi. Professor yuragining urishi moʻ’tadillashmayapti.

Soat 18.53. Elallomaning tahlillash va xulosalash boʻlimidagi ogohlantirish chiroqlari yonib oʻcha boshladi. Professorning yurak urishi yanada tezlashdi. Tajribani toʻxtatishga buyruq berilishi bilan elallomadagi uzatgichlarda uchqun koʻrindi. Asbob butunlay toʻxtab qoldi. Professor oʻrnidan turib ketdi. Hamma simlarni uzib yubordi. Meditsina komissiyasi uning asablarida katta oʻzgarish sodir boʻlganini aniqladi. Tajriba noma’lum muddatga kechiktirildi».

Jahongir sakkiz kun shifoxonada yotdi. Dori-darmondan soʻng titrogʻi yoʻqoldi. Shundan keyin «Tinchroq joyda bir oy dam olishingiz zarur», deb unga ruxsat berishdi. Eshik ogʻzida uni Jamshid kutib oldi. Otasidan hol-ahvol soʻradi. Jahongir uning barcha savollariga «yaxshi, durust, bir navi» deb javob berdi-da, «ishlaring nima boʻldi?» deb soʻradi.
— Yaxshi, — dedi Jamshid otasiga taqlid qilib.
— Akademiyadan yoʻqlashdimi?
— Kelishdi. Komissiya tuzib tekshirishyapti.
— Oʻzingni himoya qila olasanmi?
— Ha. Qaerda xatoga yoʻl qoʻyganimni ham taxminan aniqladim.
— Yaxshi.
— Akbarali aka degan qarindoshimiz bor ekanlar.
— Keldimi?
— Ikki marta yoʻqladilar. Qaerdaligingizni aytmadim.
— Yaxshi qilibsan.
— Toʻlqin aka bilan Sulton akalarga ham aytmovdim. Tajribaxonadan soʻrab bilishibdi.
— Chakki qilibsan. Ularga aytish kerak edi.

To uyga yetgunlaricha gurunglashib bordilar. Jamshid choyga qaradi, ovqatga unnadi. Soat oʻn boʻlishi bilan televizorni oʻchirdi-da, shifoxonadagi navbatchi vrach kabi qat’iy qilib: «Dada, endi yotishingiz kerak», dedi.

Jahongir kulib qoʻydi-da, buyruqqa boʻysinib, xonasiga kirib yotdi. Yarim soatlardan soʻng Jamshid xonaga asta moʻraladi. Otasining koʻzlari yumuq, tinchgina uxlar edi. Jamshid asta eshikni yopdi. Mehmonxonaning chirogʻi oʻchdi. Jahongir oʻgʻlining albatta tekshirishini bilib oʻzini uyquga solib yotgan edi. Uydagi chiroqlar oʻchgach, oʻrnidan turib deraza va eshik pardalarini yopdi. Keyin yozuv stoliga oʻtirdi-da, tajriba kundaligining davomini yoza boshladi.

Ijro etilgan hukm (kundalikning toʻrtinchi sahifasi)

Andijonga oqshom qoʻna boshlagan mahalda kirib bordilar. Tunni karvonsaroyda oʻtkazib, viloyat podshohining huzuriga qaytishda kiramiz, degan qaror bilan, tongda Buloqboshini qoralab, otlarga qamchi bosdilar. Adirga yetishganda Qamariddin jilovni tortdi.
— Hech narsa oʻzgarmabdi, — dedi u atrofga nazar tashlab.
— Bu yerlarga ilgari ham nazaringiz tushib edimi? — dedi Shamsibek uning yonida toʻxtab.
— Tavbalari qabul boʻlgur padari buzrukvorim shu yerda shahid boʻlganlar.
— Qaysi muhoraba1da shahid boʻlib edilar?
— Sakkiz yuz oʻn yettinchi yilning muharramasi edi. Biz u damlar norasida edik. Padari buzrukvorim meni oʻzlari bilan olib yurardilar. Shahriyor mirzo Amirak Ahmad ustiga qoʻshin tortgan edilar. Axsi qal’asining muhosara qilinganini oʻzim koʻrdim. Axsi mening nazarim tushgan qal’alar ichida eng ulugʻi edi. «Qal’a mezanalaridan falak boshoqlar1ini termoq mumkin, undan arshi a’zam eli2ning gʻulgʻulasi eshitilur», degan kalimalarni koʻp tinglaganman. Gʻalabayor lashkar qal’ani egallagach, onhazrat raiyatga tinchlik maydoni va omonlik makonidan oʻrin berib, Andijon sari yoʻl oldi. Mirzo Amirak Ahmad davlatpanohning qahridan qoʻrqib, togʻlardan makon topgan edi. Shahriyor amir Musako ixtiyori bilan amir Muhammad Tobonlarni ayolat3ni idora etmoqqa tayinlab, Samarqandga qaytdilar. Amir Musako ixtiyori bilan padari buzrukvorim uning xizmatida qoldi. Oy oralamay mirzo Amirak Ahmad Andijonga yurish qildi. Amirlar raiyatga ozor bermaslik qasdida shahardan tashqariga chiqdilar. Padari buzrukvorim muhoraba maydonidan omon qaytmadi. Mirzo Amirak Ahmad amirlarni ham qatlgʻa yetkazibdi. Ammo amir Rustam Andijonni mirzoga bermay, bizni ham omon saqlab qolgan edi.
— Bundan mening ham xabarim bor. Shahidlarni dafn etmoqqa qabriston torlik qildi, derdilar. Biz bu fojianing fahmiga koʻpam yetmas edik. Murdadan qoʻrqar edik.

Qamariddin otni niqtadi.
— Padari buzrukvorimning jasadlarini menga koʻrsatishgan. Boshlaridan qilich yegan ekanlar. Ming qatla shukrkim, sultonimiz besabab qilich sugʻurmaydilar. Padari buzrukvorim «Mirzoda sohibqironning jangariliq rasmi koʻrinmaydi», deb aytardilar.

Qamariddin endi Ulugʻbekning yurishlari va himmatlari haqida gapirib borar edi. Ular jilovni boʻsh qoʻyishgan, otlar bu yoʻldan koʻp yurib oʻrganib qolgandek, adirdan oshib oʻtardilar.

Uzoqdan daraxtlarga burkangan qishloq koʻringach, Shamsibek hamrohining soʻzini boʻldi:
— Mana keldik, — dedi u ichki bir hayajon bilan.
— Jannatgami? — dedi Qamariddin hazilla-shib.
— Arzimaydimi?
— Oʻxshaydi, — Qamariddin kuldi. Shamsibek ham jilmayib qoʻydi-da, otga yengil qamchi urdi.

Kun choshgohga borgan, qishloq sokin edi. Chugʻurchuqlarning chirqillashi, tartaraklarning ovozlarigina baland ishkomlar orasida odamlar borligidan darak berardi. Ular koʻchaga burilishdi. Oftobda qizib, bilqillab turgan tuproqni tuyoqlar toʻzitib borardi. Qamariddin hovlilarni shiypon kabi toʻsib turgan ishkomlardan koʻz olmaydi. Yana xiyol yurishgach, chogʻroq maydonchaga chiqishdi. Maydoncha oʻrtasida buloq qaynab turar, suv ildiz kabi taralgan ariqchalarga tarqab ketgan edi. Buloq boʻyida ikki bola loydan qubba yasab oʻynar, sochlarini mayda oʻrib, pilik taqib olgan besh-olti qizaloq esa, qoʻl ushlashib chugʻurlashishardi:

Chittogulu chittogul,

Etagingga chit bosay,

Qoʻlim qoʻlbogʻda,

Belim belbogʻda,

Ha-yu, chittogul

Ha-yu chittogul...

Shamsibek ularga kulib qaradi-yu, otdan tushib roʻparadagi eshikni itardi. Ochilmagach, qamchinining dastasi bilan taqillatdi.

— Atta hech kim yoʻq, — dedi qubba yasayotgan bola loy qoʻlini ishtoniga artib.
— Qaerga ketishdi?

Bola yelka qisib burnini tortib qoʻydi.
— Eshiklaringda kim bor?
— Buvim.
— Otang-chi?

Bola yana yelka qisdi.
— Yugur, buvingni aytib chiq. Shamsibek akam kelibdilar, de.

Dam oʻtmay yon eshikda ayol sharpasi sezildi. Keyin siniq ovoz eshitildi:
— Keling, omon qaytdingizmi?
— Assalomu alaykum, bucha1. Sogʻ-omonmisiz, akam salomatmilar? Eshikdagilardan xabaringiz yoʻqmi?
— Ular sizdan keyinoq Shirmonbuloqqa koʻchib ketishgan. Dadangizning boʻla1lari olib ketdilar.
— Nimaga?
— Nevlay. Qofir, degan gap tarqaldi. Qayin otangizni Andijonga olib ketishibdi, deb eshitaman.
— Nimaga?
— Nevlay. Akangiz gapirmaydilar. Qoʻshnilar «Endi shaharda ishlarmish», degan gap aytishyapti. Mehmoningiz borga oʻxshaydi. Mehmonxonaga kira turinglar, akangiz hali zamon kelib qoladilar.
— Qulluq, bucha, Shirmonbuloqqa chiqa qolaylik.

Qamariddin gaplarni eshitib turgan edi. Shuning uchun indamay Shamsibekka ergashdi. Bu safar tuproq yoʻldan piyoda borishdi. Tuproqning issigʻi etikdan oʻtib oyoqqa noxush iliqlik berardi. Ularning ortidan bir zumgina qarab qolgan qizaloqlar yana oʻyinlarini boshladilar:

Boychechagim hillolik,
Hamyon-hamyon tillolik,
Boychechagim bonasi, bonasi,
Qulogʻida donasi, donasi,
Olay desa, voy oʻlay,
Yugurib chiqdi onasi, onasi.

Qamariddin qizaloqlar tomon bir qarab olib:
— Haq taoloning qudratini qarang, odamzotga shuncha tashvish bilan birga, koʻzi quvonsin, deb ajoyib ne’matlarni ham bergan-a, — dedi. — Bu ne’matlarning odam bilan ishi yoʻq, odam oʻlyaptimi, qolyaptimi, bari bir yogʻilaveradi.
— Ha... boychechakka yetgan yetadi, yetmagan yoʻq.

Dala yoqasidagi yoʻlga chiqishgach, otga minishdi. Yarim yigʻoch yoʻldan soʻng yana jannatsifat qishloqqa kirishdi. Aylanma koʻchalardan tez oʻtishdi. Shamsibek bir eshik oldida jilovni tortib, uzangiga oyoq tirab turdi-da, boʻy choʻzib devor osha ichkariga qaradi. Peshayvonda emaklab yurgan oʻgʻlini, unga hay-haylab turgan onasini koʻrdi-yu, koʻngli tinchib, otdan tushdi. Eshikni bir-ikki taqillatib, javob kutmayoq ichkariga kirdi. Qamariddin ularning soʻrashib olishlarini, ayollarning ichkari hovliga oʻtishlarini kutib, bir zum tashqarida qoldi.

Shamsibekning dadasi yumush bilan Oʻshga tushgan ekan. Ikki kundan soʻng qaytdi.

Shamsibek shundan keyingina shahriyorning istagi bilan Samarqandga koʻchajagini aytdi. Ismoilbek moshgurunch boʻlib qolgan bir tutamgina soqolini silay turib, asta xoʻrsindi.
— Shahriyor shunday istak qilgan ekanlar, ilojimiz qancha.
— Hammamiz birga borsak-chi? — dedi Shamsibek.

Ismoilbek kulimsiradi.
— Shahriyorga siz keraksiz! Bizdan nima naf?
— Har nechuk...
—Yoʻq, oʻgʻlim, shuncha tashvish ham yetib ortyapti. Daraxtni qariganda koʻchirsangiz tutmaydi. Ukangiz tahsilni yarimlatdi. Hali zamon orzu-havas koʻrishimiz kerak.
— Ukam Samarqandda tahsil koʻrsa, deb edim.
— Samarqandga bordi nimayu shu yerda tahsil koʻrdi nima? Bari bir emasmi? Qaynatangiz eng katta mudarrislarga ham dars bera oladiganlardan. Mana siz tahsillarini olib kam boʻlmadingiz-ku? Madrasa tuprogʻini yalamayoq shahriyor nazariga tushdingiz. Madrasaga borgan Abdulvahob nima karomat koʻrsatyapti. Ketganiga besh-oʻn yil boʻlyapti, chamamda. Odamlar tahsildan yuz oʻgirib darveshlikni xayol qilibdi, deyishyapti. Siz uni koʻrmadingizmi?

Shamsibek javob berishga taraddudlandi. Otasiga yolgʻon gapira olmay, dedi:
— Odamlar aytishsa balki...
— Noqobil bola boʻldi. Farzandning gardanidagi tuz haqini unutishi volidaynning shoʻri.
— Dada, buvimdan soʻramadim, qoʻqqisdan shu yerga koʻchishingizning boisini bilmoqchi edim.
— Qoʻqqisdan koʻchmadik. Hamma narsa Ollohning xohishi bilan navbatma-navbat keladi. Siz ketgach, kozi barimizni dabdurustdan shakkokka chiqarib qoʻydi. «Oʻgʻling iblisning tilini biladi, iblislar bilan irlashadi», deb tinchimizni buzdi. Bir tomondan qayin otangizga ham tosh otildi. U kishi Andijondan panoh topdilar. Kelib izlab yurmang, deb biz bu yerga qoʻnoq boʻldik. Shahriyorning nazarlariga tushibsiz, inshoolloh endi peshonamiz yaraqlasa.
— Inshoolloh, shunday boʻlajak, — dedi ota-bola suhbatiga jimgina quloq berib oʻtirgan Qamariddin.— Oʻgʻlingiz nazarkarda yigit. Qaytar mahalimiz ayolat podshohini bu gaplardan voqif qilib oʻturmiz. Shahriyorning marhamatlari boshingizdagi qora bulutlarni haydab yuborsa ajab emas.
— Shoyad aytganingiz kelsa...

Shamsibekning ketishi muhokama talab voqea emasdi. Shuning uchun ayollar lablarini tishlab, koʻz yoshi oqizib, lekin ovoz chiqarmay safarga tayyorlanishdi. Ismoilbek har namozdan soʻng oʻgʻlining nomini qayta-qayta tilga olib Haq taolodan shafiqona marhamatini ayamaslikni soʻradi.

Kuyovining qaytgani va Samarqandga koʻchib ketajagini eshitgan Sherbek zargar Andijondan yetib keldi. Qamariddin ularni shoshirmas, unga sari Shamsibek xijolat chekardi. Nihoyat, juma namozidan soʻng bir jonliq soʻyib, xayri-xudoyi qilishni, shanba bomdoddan soʻng, ya’ni tuproq uygʻonmay yoʻlga chiqishni rejalashdi.

Erkaklar tunda bir oz mizgʻib olishdi. Ayollar ichkarida ivirsib yurib, tinim bilishmadi. Ularning tun boʻyi qilgan mehnatlari tongda dasturxonda koʻrindi. Nonushtadan keyin yana bir karra qur’on tilovat qilingach, qoʻzgʻalishdi. Shamsibek ichkari hovliga kirdi. Ayollar uning yelkasiga qoʻllarining uchini tekkizib, yuzlariga fotiha tortishdi. Piqillab yigʻlashdi. Eng oxiri Shamsibekning volidasi keldi. Titroq qoʻli bilan oʻgʻliga tandirda qizarib pishgan non uzatdi:
— Tishlab keting, bolam, nasibangiz... shu yerda qolyapti, ilohi eson-omon bagʻrimga qaytib keling...

Shamsibek nonni tishlayotganida koʻziga yosh keldi. Lablari titradi. Luqmani yutolmay qoldi. Bir tishlam non goʻyo tosh kabi tomogʻida turib qolganday boʻldi. Lekin darhol oʻzini bosib, xayolini joyiga yigʻdi-da, xayr-xoʻshlashib, kutib turgan erkaklar qatoriga chiqdi. Ismoilbek, oʻgʻli chiqqach, tesha bilan ostonani sal choʻqiladi-da, bir siqim tuproq olib xaltachaga soldi.
— Yuragingizga madad boʻladi. Tumoringizni yoʻqotsangiz ham, bundan ajralmang, — deb Shamsibekka uzatdi.

Shamsibek uni koʻziga surtib chap tarafdagi ich choʻntagiga soldi.

Ikki arava va ikki otliq qishloqni ma’yus tashlab chiqib ketdi.

Sherbek zargar viloyat podshohining xizmatiga oʻtgan ekan. Shu bois, Andijon ahli orasida birmuncha e’tibor topibdi. To saroyga borilguncha bir qancha odam ularga egilib salom berdi. Shamsibek qaynatasining e’tiborini shundan bildi.

Viloyat podshohiga mirzo Ulugʻbek nomasini topshirishgach, Qamariddin polvonlar kurashini koʻrmoqni ixtiyor qilib, Margʻilonga tushib ketdi. U shahriyorning istagi bilan purdil yigitlarni Samarqandga olib ketishi lozim edi.

Shamsibek esa madrasa tomon yoʻl oldi. U Shirmonbuloqda ekanligida otasi Andijonga xabar qilib, kenjasini chaqirtirmoqchi boʻlganida «tahsilidan uzilmasin, qaytishda koʻrishamiz», deb unamagandi. Shamsibek bir qavatli pastak madrasaning darvozasidan ichkari kirib, turib qoldi. Sahnda hech kim yoʻq. Biror ovoz ham eshitilmaydi. U bir fursat taraddudlandi-da, ukasining hujrasi tomon yurdi. Hujra ham boʻsh edi. Nima qilarini bilmay turganda hovlida choynak-piyola koʻtargan yigit koʻrindi. U hujra oldida turgan Shamsibekka yaqinlashib salom berdi.
— Agar xotirim faromush boʻlmasa, siz mullo Xurshidbekning akalarisiz?
— Ha, shunday. Xurshidbekni yoʻqlab kelib edim. Hujralarida yoʻqlar.
— Ular bu on doʻstlari bilan bahs qurganlar. Yuring, men uzatib qoʻyay.

Yigit shunday deb Shamsibekni qarshidagi hujralardan biriga boshladi. Mullavachchalar mehmonni koʻrib, darhol oʻrinlaridan turishga chogʻlandilar. Shamsibek ukasi bilan quchoq ochib koʻrishdi. Boshqalar bilan ham alohida-alohida soʻrashgach, unga toʻrdan joy berdilar. Yuzga fotiha tortildi. Shamsibek oʻtirganlar bilan ukasini avval yoʻqlab kelganda tanishgan, suhbat qurgan edi.
— Men kirib suhbatlaringizga xalal berdim shekilli? — dedi u davraning jimib qolganini koʻrib.
— Asti unday emas, — dedi mullavachchalardan biri.— Biz shunchaki bahsga berilgan ekanmiz.
— Bahslari sir boʻlmasa, davom etsa, men xijolatlikdan qutular edim.
— Sir emas. Undan voqif boʻlishingiz biz uchun ayni muddao.

Shamsibekka sopol piyolada choy uzatdilar.
— Mulla Samad, siz fikr aytmoqni ixtiyor qilib edingizmi? — dedi choy uzatayotgan yigit. Aftidan u hujra egasi, davraboshi edi.
— Men mulla Toʻrabekning «Dunyo gʻam-alam bilan boshlanib, gʻam-alam bilan oʻtur va tugashi ham shudur», degan fikrlarini quvvatlash niyatida edim. Bu haqiqatga yaqin hikmat.
— Gʻalat! Gʻalat! Unday emas. — Eshikka yaqin oʻtirgan yigit doʻrillagan ovozi bilan uning gapini uzdi.— Dunyo moʻ’jiza bilan boshlanib, tugashi ham bir moʻ’jiza bilan boʻlur. Shunday emasmi, taqsir?

Shamsibek piyolani dasturxonga qoʻyib, oʻylanib qoldi. Keyin savol bergan yigitga qaradi.
— Siz haqsiz, mulla. Olloh taoloning yetuk hikmat va toʻliq qudrati bilan Odam alayhissalomni yaratgani ham, uning farzandlaridan ba’zilarini rasul qilib, haq yoʻlga da’vat etsinlar uchun xalq orasiga yuborgani ham bir moʻ’jiza. Bu osmon bir tarzda aylanavermaydi. Bandaga goh shodlik, goh gʻam beradi. Dunyodan gʻam-alam bilan oʻtish har kimsaning oʻzigagina bogʻliq. Muhammad alayhissalom aytibdilar: «Olloh marhamatini ayamay senga yaxshilik qilgan ekan, sen ham kishilarga yaxshilik qil». Alalxusus, hamonki dunyoda biron kishi boqiy qolmas ekan, undan faqat yaxshilik yodgor boʻlgani durust. Yaxshilik mavjud ekan, gʻam-alam unut boʻlur.
— Koʻp ma’qul gap aytdingiz, taqsir, — dedi hujra egasi, — hojatmandlarga insof va adolat eshiklari ochiq boʻlsa, gʻam-alamdan xolis boʻlgʻaymiz.
— Ammo «Baxtiyorlik ichra sen baxtsizlikka uchrashdan qoʻrqqin», deyilmish hikmatni unutmoqligimiz butkul nojoʻya, — dedi Toʻrabek ismli mullavachcha.

Shamsibek kulimsirab qoʻydi. Keyin hujra egasiga qarab dedi:
— Mulla, meni bahsdan ogoh qilib, bagʻoyat xursand etdingiz. Men akbod payvandim1ning shunday subhi sodiqdek pok doʻstlari borligidan behad mamnunman. Endi, ma’zur koʻrasiz. Xurshidbek bilan majlisni tark etsak, Xudo xohlasa, bunday suhbatlarda yana koʻp boʻlamiz.

Barchalari hurmat yuzasidan turib, ularni kuzatib qoʻydilar. Aka-uka quyoshning tigʻida koʻchada yurmaslik uchun hujraga kirishdi. Xurshidbek akasidan sakkiz yosh kichik. Ular orasidagi uch farzand turmagan edi. Uch farzand dogʻidan soʻng dunyoga kelgani uchun Xurshidbek anchayin erka oʻsgandi. Shamsibek maktabdan soʻng tahsilni boʻlgʻusi qaynatasidan olgan edi. Uning mutolaaga ishtiyoqi baland edi. Ammo Xurshidbek akasining aksi boʻlib chiqdi. Shunday boʻlsa-da, otasi uni madrasaga berdi.

Aka-uka oʻtgan-ketganlardan gaplashib oʻtirdilar. Shundan soʻng Shamsibek ukasidan soʻradi:
— Ixtiyor qilsang, shahristonga olib ketay. Zukko va dono mudarrislardan saboq olsang, nur — alannur1 boʻlurmikin?
— Hojat bormikin? Ilmga chanqoqligim siznikicha boʻlganida boshqa gap edi. Men siz kabi oʻzimni ilmga baxshida qilolmayman. Shunga majbur boʻlgan taqdirimda ham biror ma’no chiqishiga koʻzim yetmaydi.
— U holda madrasada tahsil koʻrishingdan qanday naf bor?
— Bu dadamning istaklari. Farzand erki volidning qoʻlida ekan, men bu istakni bajo keltirishga majburman.

Sherbek zargar Xurshidbekni, albatta olib keling, deb tayinlab, dasturxon tuzab turajagini aytgan edi. Issiqning kuchi kesilgach, aka-uka yoʻlga tushdilar.

Zargarning dasturxoni atrofida Andijonga kelib turgʻun boʻlib qolgan yana uch buloqboshilik bor edi. Aka-uka ularni yaxshi tanishmas edi, shu bois suhbatlariga koʻp aralashmadilar. Xurshidbek mehmonlarning xizmatida boʻldi. Palov suzib kelinib, endi bir-ikki osham olinganida eshik taqilladi. Bir ozdan keyin zargar oq kigiz qalpoqni bostirib kiygan bir kishini boshlab keldi. Bu Abdulvahobning otasi edi. Shamsibek qorachiroqning yorugʻida uni darrov taniy olmadi.
— Togʻdagi chorva bilan ovora edim. Qaytsam, Shamsibek oʻgʻlim kelib ketibdilar. Kishining yuzi issiq boʻlar ekan, istab topib keldim. Ammo, usta, shaharning kishi bilmas koʻchasidan eshik olgan ekansiz. Oqshomdan beri izlab madorim qurib ketdi. — Boybuva joylashib, gaplarini aytib boʻlguncha Xurshidbek obdastada suv keltirib, Boybuvaning qoʻliga quydi. Boybuva oshga qoʻl uzatar mahali oʻgʻlidan gap ochdi:
— Abdulvahobni koʻrgandirsiz?
— Koʻrdim, duo dedi.
— Oʻzi durustmi? Madrasadami yo...

Shamsibek ovqat ustida bunday gapning qoʻzgʻalishini istamagani uchun uning soʻzini boʻldi:
— Qani, boybuva oshga qarang.

Zargar kuyovining soʻzini quvvatladi:
— Avval taom, ba’d az kalom. Osh mahtal boʻlib qolmasin. Olsinlar. Kecha uzun, bafurja gaplashaverasizlar.

Shundan soʻng «oling-oling»dan boʻlak soʻz aytilmadi. Dasturxondan tovoq olinib, fotiha oʻqilgach, qoʻlga suv berildi. Shamsibek choy quyib uzatdi. Boybuva yana oʻgʻlini tilga oldi.
— U hozir shahar poyidagi xonaqohdan panoh topgan, — dedi Shamsibek bosiq ovozda. Boybuva gangib qoldi. U bu gaplarni avval ham odamlardan eshitgan, lekin ishonmay, hech kimga soʻz bermay kelayotgan edi. Haqiqatning notanish odamlar orasida ochilishi uning miyasiga chaqinday urildi.
— Nega? Xonaqohda nima bor ekan unga? Madrasa-chi?
— Ilmdan yuz oʻgiribdi.
— Sabab?
— Sababi yolgʻiz Haq-taolloga ma’lum.
— Uyga qaytishni ham ixtiyor qilmadimi?
— Yoʻq.
— Mudarrislar nima deyishdi?
— Boybuva, men bu yogʻini surishtirmadim.
— U qaysi iblisning vasvasasiga uchgan...

Suhbatga mehmonlarning biri aralashdi:
— Taqsir, muncha kuyunadilar, qalandarlik gunoh ish emas-ku?

Boybuva soʻz qotgan kishiga jahl bilan qaradi:
— Mening oʻgʻlim ahli donish davrasiga loyiq yigit.

Boybuva shunday deb fotihaga qoʻl ochdi. Mezbonning iltimoslariga qaramay, «shu tongdayoq Samarqandga otlanaman, borib uni toʻgʻri yoʻlga solaman», deb sovuqqina xayrlashganicha chiqib ketdi.

Qamariddin juma bozorining indiniga tanlagan purdil yigitlari bilan qaytdi.

Hafta oʻtmay besh arava bilan oʻn toʻrt otliq Samarqand sari yoʻl oldi. Sherbek zargar bilan Xurshidbek ularni ancha yergacha kuzatib chiqdilar. Sherbek zargar «Siz tuz haqini bajardingiz, ilohi falakning aylanishi siz istagancha boʻlgʻay», deb duo qilib qoldi.

Bu kichik karvonga yana Gʻanimurod bilan uning oilasi qoʻshilishi lozim edi. Kunduzi yoʻl yurish ayollarni xiyla qiynab qoʻydi. Hamisha oftobning tigʻida boʻlish otliqlarni ham lohas qildi. Shu sababli oqshom tushmay rabotga qoʻnishdi. Ayollar taom tayyorlaguncha Gʻanimurodni xabarlaylik, deb Shamsibek bilan Qamariddin qishloqqa ketishdi.

Gʻanimurod qoʻngan qoʻrgʻon huvillab qolganday edi. Tashqari hovlida hech kim koʻrinmasdi. Qamariddin eshikni ikkinchi karra taqillatganida ichkaridan moʻysafidning «Hozir!» degan ovozi eshitildi. Lekin hadeganda chiqavermadi.

Bir mahal ichkaridan yengil sharpa eshitildi. Eshik ochildi. Qamariddin hayratda qoldi: Gʻanimurodning zavjasi yengil koʻylakda, sochlari yoyiq holda koʻzlarini chaqchaytirib turardi. Qamariddin ayoldan koʻzini olib qochdi. Ayol birdan qichqirib yubordi. Soʻng yigʻlamsirab orqaga tisarildi. Keyin yana bir qichqirib, otilgancha koʻchaga chiqdi-da, yugurib ketdi. Shamsibek ham, Qamariddin ham hech narsa tushunmay bir-birlariga qarab qolishdi.Dam oʻtmay ayol ketgan tomondan uning qah-qah urib kulgan ovozi keldi. Shundan soʻng Shamsibek «ayollar boʻlmasin», degan xijolat bilan hovliga kirdi. Ichkariga olib boruvchi eshik ogʻzida hassaga suyangan moʻysafidni koʻrib yugurib bordi-da, qoʻltigʻiga kirdi. Supaga oʻtirishdi. Fotihadan soʻng moʻysafid boʻynini xam qildi.
— Tinchlikmi? — dedi Shamsibek.

Moʻysafid bosh qimirlatdi.
— Yuragim sezgan edi, — dedi Qamariddin. — Nojinslar bir ish qilishgan koʻrinadi.
— Ha, — dedi moʻysafid. — Aslida sizlar bilan ketaverishsa boʻlarkan. Men bu odamlarda imon bordir, ular ham musulmon bandalar-ku, deb oʻylabman. Afsus... Ahmadboyvachcha yigitlari bilan kelib shoʻrimizni quritdi. Gʻanimurodni Xudo bir asradi. Lekin hali ham hushini yigʻib ololmayapti. Issigʻi baland, alahsiraydi. Toʻpolonda oyogʻim lat yeganga oʻxshaydi, shuning uchun darrov chiqolmadim, aybsitmaysizlar.
— Arzga bormadinglarmi? — deb soʻradi Qamariddin.
— Kimga? Azozil1 qachon odamga rahm qilib edi?
— Qani, pochangizni himaring-chi. — Shamsibek shishib qolgan oyoqning boʻgʻinlarini ushlab koʻrdi. Toʻpiqni va toʻpiqdan bir qarich yuqori suyakni ushlaganida moʻysafid ingradi.
— Etik bilan tepishganga oʻxshaydi?
— Bilolmadim, taqsir, kelinning ostonasiga yiqilganimni bilaman.
— A? Kelinning ostonasiga, dedingizmi? U yerga ham kirishdimi?

Moʻysafid jim qoldi. Keyin titroq ovozda dedi:
— ...Kelinning ahvolini koʻrdingizlar. Oʻsha kundan beri shunday: tuz totmaydi, telba boʻlib qolgan.
— Astagʻfirulloh! Bundan boʻlak shahkorlik2 ham boʻladimi? Oʻzganing sha’riy zavjasini majburlamoq nima bilan jazolanadi?
— Xudo xohlasa, Tangrining gʻazabiga uchraydilar,— dedi moʻysafid ogʻriqdan ingrab. Lekin Qamariddin bu savolni Shamsibekka bergan, undan javob kutardi.
— Toshboʻron qilinmoqlari darkor, — dedi Shamsibek.

Qamariddin tushundim, deganday oʻrnidan turdi.
— Rabotdagilarni olib qaytaman. Kelganimizni hech kim bilmay tursin.

Qamariddin ketgach, Shamsibek yana moʻysafidning qoʻltigʻiga kirdi. Uy egasi ovoz berib, begona erkakning kirayotganidan xotinlarni ogoh qilgach, ichkariga qadam qoʻydilar. Shamsibekning gapi bilan moʻysafid kampiriga ot yogʻi va qoʻy poʻstagini olib kelishni buyurdi. Keyin Gʻanimurod yotgan xonaga kirishdi. Gʻanimurod chalqancha tushib yotar, koʻzi ma’nosiz boqardi. Shamsibek avval uning tomirini ushladi. Mijjasini qaytarib koʻrdi. Soʻng boshini ehtiyotlik bilan paypasladi. Gʻanimurod ingradi.
— Boshiga nima bilandir qattiq urishibdi, — dedi Shamsibek. Keyin Gʻanimurodni muk tushirib yotqizib, suyaklarni ushlab koʻra boshladi. Belga kelganda qoʻlini ikki-uch bor yurgʻizdi.
— Beli lat yebdimi? — dedi moʻysafid xavotir bilan.
— Ha, bir oz, — dedi Shamsibek, lekin belining singanini aytmadi. Bu orada kampir yogʻ bilan poʻstakni ostonaga qoʻyib ketdi. Shamsibek moʻysafidni yotqizib, oyogʻini obdan siladi-da, taxtakachlab, poʻstakka oʻrab qoʻydi.
— Endi kamroq yura turing. Peshinda oftobga solib, kun tigʻga kelganda koʻchaning qizigan tuprogʻiga botirib oʻtirasiz. Shu tuproq butun zahrni tortib, suyakni qizitib, oyogʻingizni yigitlarnikiday qilib qoʻyadi, — dedi Shamsibek hazil bilan. — Yozda, ayb boʻladi demay, yalang oyoq yuravering. Bod degan narsa yaqinlashmaydi.
— Ilohi kam boʻlmang, taqsir. Ustozingiz baraka topsin. Gʻanijonga ham dori-darmon qilasizmi?
— Ha, albatta, Gʻanijon muolajaga muhtoj. — Shamsibek tashqi hovliga chiqib supaga oʻtirdi. Koʻz oldiga toʻy kechasi, gulxan, yor-yor aytib xursandchilik qilgan yagʻrindor yigitlar keldi. Nikoh paytida Gʻanimurodning ikkinchi soʻroqdayoq «roziman», deb yuborganini eslab, kulimsiradi. Anchagacha koʻchaga koʻz tikdi. Nihoyat, arava koʻringach, oʻrnidan turib peshvoz chiqdi. Ayollarning bari aravada, Qamariddin bilan yana ikki otliq orqaroqda kelardi. Boʻlak yigitlar qishloq poyida qolishibdi.

Qamariddin shu paytgacha xurjunida saqlagan sipohlar kiyimini egniga ilgan, shahriyor sovgʻasi boʻlmish kumush kamarni bogʻlab, qilich osgan edi. Koʻrinishdan goʻyo jangga shaylangandi. Shamsibek ayollarni ichkariga uzatgach, nikohda vakil ota boʻlgan qoʻshnini chaqirtirdi. Qoʻshni Gʻanimurodning qishloqdagi doʻstlarini xabarlashga ketdi.

Shamsibek yigitlarni Gʻanimurod yotgan uyga boshladi.
— Polvonning jarohati ogʻirmi? — dedi Qamariddin uyga kirayotib.
— Xastalikka bunday tashxis1 qoʻygan hakimlar muolajani benaf deb kelganlar. Jarohatning oldi olinmagan. Vaqtida muolaja boshlanganida balki...
— Tabobat ojizlik qiladimi?
— Mushkul ish. Zaif odam allaqachon omonatini topshirgan boʻlardi. Hozircha umidni sindirmaylik. Xudo xohlasa, tuzalib ketar, — Shamsibek shunday deb yenglarini shimardi.

Uning soʻzi bilan ikki yigit polvonning oyoqlarini, Qamariddin esa yelkasini bosib turdi. Shamsibek Gʻanimurodning kuragidan boshlab, umurtqa boʻylab asta silab tushdi-da, belga kelganda harakatni sekinlatdi. Nihoyatda ehtiyotkorlik bilan silay turib, bir zoʻr berdi. «Qirs» etgan tovush eshitildi. Polvon qattiq baqirib yubordi-yu, darrov tinchidi. Peshanasidan sovuq ter chiqdi.

Shamsibek muolajani tugatgunga qadar qishloq yigitlari yigʻilishdi. Ularga qishloq poyida qolgan polvonlar ham qoʻshilgach, Ahmadboyvachchaning qoʻrgʻoni tomon yurdilar.

Qoʻrgʻon atrofida oʻn chogʻli yigitni qoldirib, darvozani qoqishdi. Darvozani ochgan xizmatchi otliq sipoh va toza toʻn kiygan yigitlarni koʻrib, tezda orqasiga qaytdi-da, boyvachchani chaqirdi. Ahmadboyvachcha mash’ala yorugʻida Qamariddin bilan Shamsibekni darrov tanidi. Shahriyorning muhri bosilgan yorliq bilan yuruvchi bu zotlarni koʻrib, yuragi bir narsani sezdi.Orqaga chekinishni xayol qildi-yu, lekin sir boy bermay, ta’zim bilan ichkariga taklif qildi. Darhol shiyponga joy toʻshaldi. Qoʻy soʻyishga farmon berildi.
— Hojati yoʻq, — dedi Qamariddin hovli oʻrtasida turib farmoyishlar berayotgan boyvachchaga. — Bizning fursatimiz kam. Qani, mundaroq keling. Soʻraydurgan gapimiz bor.
— Bosh ustiga, taqsir.
— Gʻanipolvonnikiga kimlar bilan bordingiz?
— Qachon, taqsir?
— Tulkilik qilmang-da, nomlarini ayting.

Ahmadboyvachcha uning qahrli qarashidan choʻchib, ozgina taraddudlandiyu keyin bir qancha odamning ismini aytdi. Bu orada tashqarida qolgan yigitlar ikki kishini shiypon oldiga keltirishdi.
— Muslimxoʻjaning qizi sizga rizoliksiz nikohlangan ekan. Boz ustiga qochib ketganini eshitiboq uni taloq qilib edingizmi? — dedi Shamsibek, rangi quv oʻchgan boyvachchaga.
— Ha, taqsir, shunday boʻlib edi.
— Demak, siz u kishi uchun nomahramsiz, shundaymi? Nomahram boʻla turib mankuha1ga teginish qaysi jazoga loyiq?

Boyvachcha birdan tutqanogʻi tutganday uv tortib, Shamsibekning oyogʻiga yiqildi.
— Menda ayb yoʻq, taqsir. Mening faqat polvonda oʻchim bor edi.
— Boʻlmasa kimlar?

Boyvachcha yana haligi ismlarni qaytardi. Qamariddinning farmoni bilan yigitlar boyvachcha tilga olgan odamlarni olib kelgani ketishdi. Qoʻshni chol esa qozining uyi sari yoʻl oldi.

Tun yarimlaganida gunohkorlar ham, qozi ham va aytilmagan ulamolar ham toʻplanishdi. Qamariddinning savlati ularni sarosimaga soldi.
— Taqsir, avval bir soʻrogʻimga dini islom nomidan javob bergaysiz, — dedi Qamariddin qoziga yuzlanib, — mankuhaning nomusini bulgʻagan kimsa qanday jazoga loyiq?
— Bunday doʻzaxilarning jazosi bir — oʻlim. Rasulillohning sunnatlariga koʻra toshboʻron qilinmoqlari shart.
— Durust, taqsir, u holda nechun bu fasod doʻzaxilar hamon hayot?
— Soʻzingizni anglamadim, taqsir.
— Bularni koʻryapsizmi? Gʻanipolvonni jarohatlab, ustiga-ustak nomaqbul ishga qoʻl urganlarini nahot bilmasangiz? Agar bu voqea shahristonda boʻlib, siz xabarsiz qolsangiz ajablanmas edim.
— Oʻlimdan xabarim bor, ammo bu gaplardan xabarim yoʻq, — dedi qozi.
— Boʻlmasa, mana endi xabar topdingiz. Bular ayblariga iqrorlar. Siz fatvo bering, hukm chiqaring.
— Shu tobdami?
— Ha, shu tobda.
— Men fatvo berolmayman, taqsir.
— Nechun?
— Bunday fatvoga muhtasibning rizoligini olmogʻim darkor.
— Gʻanipolvonga hukm chiqarganingizda ham muhtasib rizoligini olib edingizmi?

Javob boʻlmadi.
— Fuqaroni uygʻoting. Mash’alalar yoqilsin. Muxtiy1larni shahriyor nomi bilan qatl qilgʻaymiz. Zavjaga teginganlar toshboʻron qilinsin, begunoh bandaga azob berganlar yuz darra, muxtiylarning jaroyimini yashirgan bu ulamolarga yigirma besh darra...

Qozining koʻzi oʻynab ketdi.
— Huquqingiz yoʻq! — dedi u.
— Shahriyorim «nohaqlik sodir boʻlgan yerda haq oʻrnatish lozimligini» butkul lashkarlariyu ulamolariga uqtirganlar. «Qozilar qoʻli shariat hukmlari ijrosida baquvvat boʻlmoqligi darkor», degan amri oliyga shak keltirganingiz uchun siz ellik darraga loyiqsiz!

Qozining lablari pirpiradiyu bir oz gapirolmadi. Soʻng:
— Musulmonlar, bu osiylar sulton Ulugʻbek nomi bilan dini islomni poymol qilib, azizlarga til tekkizmoqdalar! Qarab turmang, musulmonlar, Xudoning gʻazabidan qoʻrqinglar! — deb baqirdi.
— Bogʻlang! — dedi Qamariddin bu gaplarga e’tibor qilmay. Yigitlar darhol buyruqni bajo keltirishdi. Qozi jazavani ancha ilgari boshlagan edi. Uning qutqusiga uchuvchilar hali uygʻonishmagandi. Dam oʻtmay nogʻora ovozi yangrab, qishloq uygʻondi. Barchani yana oʻsha maydonga toʻplashdi.
— Oʻrtaga gulxan yoqing, — dedi Shamsibek.
— Nechun? — dedi Qamariddin. — Bu toʻy emas-ku?
— Toʻy boʻlmasa ham toʻyga yetgulik. Qishloq nojinslardan tozalanyapti.

Shamsibek aytganday boʻldi. Gulxan yoqildi. Avval darraga hukm qilinganlar nasibasini oldi. Keyin oʻlimga hukm qilinganlar bellariga qadar koʻmildilar. Oraga birdan sukunat choʻkdi. Shu dam toʻpdan oʻrta yosh bir kishi ajralib chiqib, qoʻliga tosh oldi. Ahmadboyvachcha jon achchigʻida oʻkirdi. Olomonning tinchligi buzildi...

Hukm ijro boʻlgach, toshni birinchi boʻlib otgan kimsa Qamariddinga yaqinlashib, tiz choʻkdi.
— Taqsir, men Muslimxoʻjaman. Meni ham ola keting.
— Kasbingiz nima?
— Naqqoshman, duradgorman, taqsir.

Qamariddin Shamsibekka qaradi.
— Sizni olib ketish bizga-ku ogʻir botmaydi. Lekin qizingiz..
— Boʻlmasa nima qilay? Bosh koʻtarib yurolmayman.
— Mulohaza qilib koʻraylik-chi. Balki Andijondan panoh toparsiz.

Tong yorishib, odamlar tarqalishdi. Shamsibeklar ham Gʻanimurodning uyiga qaytishdi.

Kampir supaga joy qilib, choy-non qoʻydi. Hech kim dasturxonga qaramadi. Bir hoʻplamdan choy ichishdi.
— Gʻanimurodni nima qilamiz? — dedi Qamariddin.
— Olib ketish lozim. Yoʻqsa, nobud boʻladi. Bu yerda muolaja qila oluvchi tabib yoʻqdir.
— Zavjasini-chi?
— Tun boʻyi shu mushtiparni oʻyladim. Biron nima demoqqa fikrim ojiz. Otasi Andijonga borsa, balki olib ketar. Uzoqdan koʻra oʻsha yer ma’qul. Unda ham zukko hakimlar bor.
— Buni Muslimxoʻjaga aytib koʻrish kerak.

Oqshom tushgunga qadar shu hovlida dam olishdi. Muslimxoʻja ham Andijon safariga otlanib, qizini izlardi. Qiz yerda ham, koʻkda ham yoʻq edi. Odamlar «kechasi qichqirib yurgan edi-ku»? deb yelka qisishar, chor atrofga yuborilganlar ham quruq qaytishardi. Faqat shomga yaqin guzarda shovqin koʻtarildi:
— Moʻslimxoʻjaning qizi topildi!
—Oʻzini hovuzga tashlagan ekan!
— Shishib ketibdi, bechora!

Shamsibek bilan Qamariddin to guzarga yetguncha shu xildagi gaplarni eshitib borishdi.

Juvon shundaygina hovuz labida yotar, toʻzgʻigan sochlari yuzini toʻsgan, onasi uning koʻksiga bosh qoʻyib dod solardi...

Rad qilingan iltimos

Shu yerga kelganda Jahongir asablarini boshqarolmay qolgan. Aftidan, koʻz oldida gavdalangan begunoh, munis juvon jasadining, faryod chekayotgan onaning qiyofasi unga qattiq ta’sir qilgan edi.

Jahongir daftardagi soʻnggi jumlaga nuqta qoʻyib, boshini ushlaganicha oʻtirib qoldi. Dastlab eshikning taqillashiga ahamiyat bermadi. Keyin oʻgʻlining ovozini eshitib daftarini bekitdi-da, eshikni ochdi.
— Dada, axir ishlashingiz mumkinmas-ku, — dedi Jamshid yalinchoq bir ohangda.
— Toʻgʻri... men ishlaganim yoʻq. Faqat... uyqu qochdi.
— Soat besh boʻldi. Siz hali mijja qoqqaningiz yoʻq.
— Na iloj? Bugun dam olish uyiga ketsam... Oʻsha yerda toʻyib uxlayman. Toza havo... Maroqli sayrlar...
— U yoqqa bir shart bilan borasiz.
— Qanday shart?
— Kitob tugul bir varaq qogʻoz ham olmaysiz.
— Shuning oʻzimi? Yaxshi. Lekin menda ham bir shart bor: meni yoʻqlamaysan.
— Buni oʻylab koʻraman.
— Ana shu-da! Biror yering sal ogʻridimi, davolovchi emas, buyruq beruvchilar bilan aql oʻrgatuvchilar koʻpayib qoladi! Menga qara, shu ondan boshlab men haqimda oʻylashni yigʻishtir. Ilmiy ishingni oʻyla. Ishing bir yoqlik boʻlmaguncha sen bilan gaplashishni ham istamayman.
— Axir, dada...
— Gap tamom. Hoziroq xonangga chiq. Kechasi uxlamay meni poylagan boʻlsang, damingni ol.
— Hech boʻlmasa kuzatib qoʻyay.
— Yosh bola emasman, yoʻlimni topib keta olaman.

«19... yil, 14 iyun, OʻzFA Biofizika ilmiy-tekshirish instituti. Professor Alievning tajribaxonasi.

Soat 11.00. Tajribaning beshinchi bosqichi boshlandi. Meditsina komissiyasi professorning sogʻligʻini tekshirib, tajribani davom ettirishga ruxsat berdi. Endi komissiyaning ruxsati bilan tajriba haftada bir marta oʻtkaziladi. Institutning togʻ etagidagi oromgohidan professor uchun maxsus xona ajratildi. U tajribadan soʻng uyga bormay, shu yerda dam oladi. Meditsina komissiyasi tajribaga aloqasi yoʻq kishilar bilan muomalada boʻlishni qat’iy man qildi.

Soat 19.20. Tajribaning beshinchi bosqichi yakunlandi. Professor oʻzini yaxshi his qilyapti. Elallomalar uzluksiz, reja asosida ishladi. Tajriba davomida hech qanday hodisa yuz bermadi. Tajribaning navbatdagi bosqichi 21 iyunga belgilandi. Professorning tajribalar orasini qisqartirish haqidagi iltimosi rad etildi...»

«Davlat asosidek poydor bino» (kundalikning beshinchi sahifasi)

Dafn marosimiga butun qishloq ahli keldi. Tobut qoʻlma-qoʻl boʻldi. Qabr ustiga choyshab yoyilib, murda lahadga qoʻyilayotganida Muslimxoʻja hushidan ketdi. Yolgʻiz qizining qabriga bir siqim tuproq tashlashga majoli boʻlmadi. Tuproq tortilib, qur’on tilovat qilinib boʻlinganida ham u nest boʻlib oʻtirardi. Uni suyab turgʻizib, uyiga boshladilar.

Shamsibekni ham, Qamariddinni ham polvonning taqdiri tashvishga solardi. Ular endi Muslimxoʻjaning ketish-ketmasligini bilolmay qolgandilar. Ertasiga Muslimxoʻjaga bu haqda soʻz ochganlarida, u «Yolgʻizimni qanday tashlab ketaman, hech boʻlmasa qabrida tanho qolmasin», dedi. Shundan soʻng, ular oqshomda Gʻanipolvonni olib yoʻlga chiqish qaroriga keldilar.

Ikki kun yoʻl yurishgach, katta karvonga qoʻshildilar. Hafta oʻtmay Samarqandga yetib bordilar. Hammalari karvonsaroyga qoʻnishdi. Ertasi bomdoddan soʻng Shamsibek Qamariddin bilan Koʻhak sari yurdi. Koʻchalarda odam siyrak, shuning uchun ular otlarini yoʻrttirib borardilar. Kumush kamarli sipohni koʻrganlar darrov chetga chiqib, qulluq qilishardi. Bibixonim masjidi tomon burilishganlarida Shamsibekning oti bexos bir kimsani turtib yubordi. Shamsibek orqasiga qarab, garangsib turgan Abdulvahobni koʻrdi-da, jilovni tortdi. Uning toʻxtashga chogʻlanganini koʻrgan Qamariddin:
— Toʻxtamang, yuravering, — dedi. Shamsibek jilovni boʻsh qoʻyib, yana orqaga qaradi. Abdulvahob uni tanib qolgan edi shekilli, hamon koʻcha oʻrtasida u tomon qarab turar edi.

Ular Chinniy qasrga kirishganida saroy ahli taxt mulozamatini bajo keltirmoqqa shaylanib turardi. Jarchi chiqib onhazrat oʻz huzurlariga Qamariddin bilan Shamsibekni chorlayotganlarini aytgach, ular- ning aksari soqolini siypab, «astagʻfirulloh!» deb qoʻydi.

Ular ichkari kirishdi. Taxt va uning atrofi boʻsh. Ulugʻbek pastdagi kichik favvora yonida besh chogʻli odamlar orasida turib soʻz aytayotgan, davraning yoshi boʻlmish navisanda esa supaga omonat oʻtirgan edi. Aftidan davlatpanoh vazifasini oʻtashga kirishmagan edi. (Uning zar toʻnsiz yurishi ham shundan dalolat edi.) U qulluq qilgan Qamariddin bilan Shamsibekka bosh irgʻadiyu yana navisandaga oʻgirildi.
— Shahriyorning qobiliyatli shogirdlari, Aflotuni zamon1ning nabiralari Miram Chalabiy oʻsha yigit boʻladi, — dedi Qamariddin shivirlab. Shamsibek gapga ogʻiz juftlagan edi, Chalabiyning soʻzlari xayolini tortdi:
— Kurrai arzning Shams2 atrofida aylanajagini aytaman, deb edingiz. Bu hodisani qanday tafsir etmoq kerak?
— Kurrai arz Shams atrofida aylanadir, deb tafsir etsak, goʻrimizga yana gʻisht qalasharmikin? — Ulugʻbek shunday deb kuldi. Uning kimlarni nazarda tutganini anglab, boshqalar ham jilmayishdi. Ulugʻbek bir necha nafas oʻylanib, Chalabiyga yuzlandi. — Munday tafsir etsak, u aqli noqislar tushunib yetishmas, ilm ahli anglar. Alqissa shunday deb yoz: «Parvardigori olam yaratgan kurrai arz murakkab harakatlar uchun tayanch boʻlgulik qulay nuqta boʻlolmasa ham, ahli ilm to hozirgacha dunyoning markazini shu deb bilurlar...» Bularni xattotlarga elt. Oqshomga qadar oqqa koʻchirishsin.

Ulugʻbek atrofdagilarning ta’zimiga javob bergach, Shamsibek va Qamariddin tomon yurdi.
— Qaytganlaringni shomda eshitib edim. Bugun dam olib, huzurimga erta kelarsizlar, degan oʻyda edim. Safar bexatar oʻtdimi?
— Xudoga shukr. Panohingizda eson-omon borib qaytdik. Fargʻona ayolotining purdil yigitlari navkarlikni ixtiyor qilib keldilar. Karvonsaroyda soʻzingizga ilhaq boʻlib turishibdi. Ayolot podshohi sizga noma yubordilar. — Qamariddin ta’zim bilan poygirni uzatdi. Ulugʻbek uni ochib, koʻz yugurtirdi. Keyin Shamsibekka yuzlandi:
— Podshoh padari buzrukvoring va volidai jahoningni panohiga olajagini aytibdi. Koʻnglung xotirjam boʻlaversin.
— Qulluq, shahriyorim.
— Qamariddin, yigitlarga boshpana tayyorla. Maosh tayinla. Toki mening panohimda muhtojlik sezishmasin. Juma kuni maydonga chorlayajakmiz.
— Shahriyorim, bir purdil yigitimiz bor edi. Hozircha maydonga chiqolmaydi. Majruh boʻlib qoldi.
— Sabab?

Shamsibek Gʻanimurod voqeasini aytib berdi. Ulugʻbek uning soʻzlarini diqqat bilan eshitdi.
— Bu xastalik yana qanday gʻavgʻolarni boshlar ekan? Buning shifosi bormikan? — dedi Ulugʻbek taxt tomon yurib.
— Qaysi xastalikni aytasiz? — deb soʻradi Shamsibek.
— Mutaassiblik1ni aytaman. Oʻlat kabi tarqab, raiyat tinchini buzyapti.
— Bu xastalik endi avjiga chiqdi. Qaytishi xiyla mushkul.
— Haq gap... Mulla Shamsibek, sen aytganday qilib dorilshafaqa uchun yer tanlandi. Me’mor bilan bamaslahat ish boshlanglar. Viloyatlarga jarchilar ketgan, iqtidorli hakimlarni toʻplaymiz. Bu yer faqat dorulshafaqa emas, bohtardin to bahovar2gacha nom chiqozgʻon dorulshifoiya boʻlsin. Chiqimlardan qimtinma, savob ishlar uchun ganjina darigʻ tutilmaydi. Huzurimga istagan vaqtda kelishing mumkin.

Ulugʻbekning keyingi soʻzlari ular uchun qaytishga javob ham edi. Buni anglab, ta’zim bilan orqalariga yurishdi. Lekin Ulugʻbek ularni toʻxtatdi.
— Darvoqe, mulla Shamsibek, —dedi u, — kelar oqshom sen donishmandlar suhbatidan ogoh boʻlmogʻing darkor, shuni unutma.

Shamsibek javob oʻrniga qulluq qilib chiqdi. U Qamariddin yordamida me’morni Chilstun yaqinidan topdi. Me’mor kichkina koʻk salla oʻragan, kalta soqolli, past boʻyli kishi edi. Shamsibekning qoʻlini olib, «koʻzim yoʻlingizda edi», dedi. U sal duduqlanib gapirar, tili ham chuchuk edi. Talaffuziga qaraganda, u samarqandlik emasdi. Shamsibek uning soʻzlaridan qaysi muzofotlik ekanini aniqlay olmadi, soʻrashni oʻziga ep koʻrmadi. Zero, buning zaruriyati ham yoʻq edi. Me’mor oʻzini usta Xidir, deb tanitdi.
— Joy qaerdan tanlandi? — deb soʻradi Shamsibek undan.
— Goʻshtlar dastlab shahriston ichkarisida buzildi. Eng soʻnggisi shu yerda aynidi. Shahriyorning farmonlari bilan xiyla etakroqqa, obirahmatning poyiga quradigan boʻldik. Xuddi rasadxona singari, uch osh’yonliq qilib tiklash niyatimiz bor.
— Nimaga uch osh’yonliq?
— Sababiki, u ham rasadxona singari savlat toʻkib tursin, shahriston chiroyini ochsin. Odamlar hayratdan yoqa ushlashsin.
— Usta Xidir, soʻraganimni aybga buyurmaysiz, binoni qurishdan maqsad nedur?
— Buni mendan koʻra siz moʻlroq bilasiz. Dorulshafaqa deb aytdilar menga.
— Ha, balli. Bu yerga fuqaro hayratdan yoqa ushlash uchun emas, shifo topgani keladi. Menimcha, binoning bir osh’yonliq boʻlishi kifoya.
— Nega?
— Bir osh’yonliq boʻlsa, xastalar uchun ham, hakimlar uchun ham ayni muddao. Atrof katta bogʻ boʻlmogʻi lozim. Daraxtlar binoni shamsiya1 sifatida quyoshning oʻtli nafasidan asraydi. Uch osh’yonliqda xastalar issiqdan yana bir qadar azoblanadilar. Chiqib tushish ham malol keladi.
— Bir osh’yonliq bino ajij-majij kunlari xastalarni qiynab qoʻysa-chi? Sovuq ham tepadan, ham ostdan, ham derazalardan kiradi. Uch osh’yonliq binoning oʻrta osh’yonida birmuncha issiq boʻladi. Sovuq faqat derazadan kirishi mumkin.
— Dono fikr, biroq ajij-majij qisqa, issiq kunlar uzun.
— Bu xususda oʻylab koʻrmogʻimiz lozim ekan.
— Biz xonalar keng va baland boʻlsa deymiz. Toki xastalar toza havoga muhtoj boʻlishmasin.
— Ma’qul. Rasadxonaga hech yoʻlingiz tushganmi?
— Ha. Faqat tashidan koʻrganman. Ich tomonlari bilan tanishmoqni xayol qilganman-u, biroq fursat boʻlmadi.
— Shu topda fursatingiz boʻlsa, koʻrsatar edim. Shundan soʻng bamaslahat ish boshlar edik.

Bu fikr Shamsibekka ma’qul kelib, ular bogʻning yuqori tomoniga, savlat toʻkib turgan uch osh’yonliq tegarak imorat tomonga yurdilar. Marmar zinalardan koʻtarilar ekanlar, me’mor faxr bilan: «Bino qiyomatda togʻlar sayr qilgunga qadar yiqilishu nurashlardan omon boʻladi», dedi. To ichkariga kirgunlaricha u rasadxonaning afzalliklarini gapirib bordi. U «imorat davlat asosidek poydor, poydevori esa saltanat qoidasidek ustivor qilib mustahkamlangan», deganida Shamsibek jilmayib qoʻydi. U bu soʻzlarni jannatmonand shahriston sari ilk yoʻlga chiqqanida qaynatasidan ham eshitgan edi.

Rasadxonaning yuqori qismiga aylanma zinalardan chiqdilar. Har osh’yonda oʻnlab hujralar, oʻrtada esa majlis ahli uchun keng xonalar barpo qilingan edi. Toʻqqiz falakning hay’atiyu1 toʻqqiz osmon shakllari— darajalar, daqiqalar, soniyalardan tortib to oshiralargacha shu devorlarda aks etgan edi. Yuqori osh’yon devorlarida esa aylanuvchi falaklar, sabbai sayyor, sobita yulduzlar bilan kurrai arz hay’atiyu, iqlimlar suratigacha dilnazir naqshlaru benazir raqamlar bilan chizilgandi.

Me’mor Shamsibekni ayvon tomon boshladi. Ayvonga chiqaverishdagi bir surat Shamsibekning xayolini oldi. Falak va kurrai arz tasvirlari bilan band boʻlgan rasadxona devorlari ichida bu suratning chiqishi uni hayratda qoldirdi. Rasmda jang maydoni, shahidlar va majruhlar tasvir etilgan edi. Oldinda majruhlangan shohona kiyimli kimsa. Uning yonida yana bir shohona kiyimli odam.

Me’mor Shamsibekning hayratini fahmlab, izoh berdi:
— Bu shahriyorning farmonlari bilan tushirilgan. Hazrat sohibqironning eng ulugʻ zafarlaridan yodgorlik. Hoqon Boyazidning yengilib, asirga tushgan onlari. Sohibqiron bu kishi bilan zoʻr muhoraba qilgan ekanlar.
— Eshitganim bor.
— Sohibqiron hariflarining bu koʻyga tushganini bilgach, oʻzlari yetib kelib koʻz yoshi toʻkkan ekanlar.
— Nechun?
— «Ming karra shukrkim, Xudovandi karim nuqsonlarimizga qaramay, bizni tanlash nazari bilan taqdirladi. Sizga boʻlgan hurmatim bisyor edi. Sizdek sohibqudratning bu ahvolga tushishidan Tangrining oʻzi asrasin», degan ekanlar. Bobolarining shu soʻzlarini inobatga olib, onhazrat bul yodgorlikni yaratishga farmon berdilar.

Shamsibek ayvonga chiqib, chor atrofiga nazar tashladi. Bu yerdan shahriston kaftdek koʻrinib turardi. Ular shu yerda turishganida peshin namoziga azon chaqirildi. Pastga tushib, rasad ahli bilan namoz oʻqidilar-da, shahristonga qaytdilar.

Qamariddin purdil yigitlarni joylashtirish bilan band edi. U Shamsibekka oilasi uchun Shohizinda dahasidan joy hozirlab qoʻyganini, Gʻanimurodni saroy xizmatkorlaridan biri panohiga olganini aytdi. Koʻchlar aravaga ortilgancha turardi.

Shamsibek ichki-tashqilik chogʻroq uyga joylashdi.

Yangi uy Mahfuzaga yoqinqiramasa ham eriga indamadi. Xonalar tor va past, hovli sahni yigirma-oʻttiz odamni ba’zoʻr sigʻdira oladigan bu uyda uning nafasi siqilgandek boʻldi. Shamsibek xotinidagi bu oʻzgarishni sezdi. «Koʻnikib ketadi, — deb oʻyladi oʻzicha. — Qishloqda keng uyga, chorboqqa oʻrganib qolgan. Bu yerda esa birgina daraxt oftobda qovjiray deb turibdi. Qiziq, Haq-taolo bandalari uchun jannatsifat yerlarni ato qilgan. Bandalar esa bu joylarni tashlab tor, siqiq yerlarda yashaydilar. Shahristonning ohanrabosi bormikin? Bu ham Xudoning xohishi ekan. Na iloj?..»

Mahfuza hamon tugunlar oldida oʻtirar, boshidagi roʻmoli yelkasiga tushgan, charos koʻzlarida horgʻinlik bor edi... Issiqdan bezovta boʻlib, injiqlik qilayotgan oʻgʻlining boshini silab, roʻmolining uchi bilan yelpirdi.
— Ichkariga kiraylik, uy salqinroq, — dedi Shamsibek katta bir tugunni koʻtarib. Ayol unga ergashdi.

...Sherbek zargar Buxoro madrasasida tahsil koʻrgan donishmand kishi edi. Sohibqiron hayotligida birmuncha muddat Samarqandda ham istiqomat qilgan, undan soʻng koʻtarilgan toʻs-toʻpolondan bezor boʻlib Buloqboshiga qaytgan, shu yerda oila qurgan edi. Ismoilbek zargar bilan birga ulgʻaygan. Shuning uchun toʻngʻichi Shamsibekni uning tarbiyasiga inonib topshirgan edi. Shamsibek Ulugʻbekning nazariga tushgan barcha xislatini shu zargardan olgan edi. Abdulvahobning xonadonidan sovchilar kelgan damlarda Shamsibek bilan Mahfuza shirin orzulardan qanot qilib, baxtiyorlik samosida uchib yurardilar. Eshikka sovchilar qadami tekkanidan xabar topgan qiz ajdaho domiga tushgandek oh urdi, «otamga insof ber», deb Xudoga yolbordi. Uning baxtiga birinchi safar ham, ikkinchi, uchinchi safar ham zargar sovchilarga rad javobini beraverdi. Shamsibek xonadonidan sovchilar kelgan kun patir sindirilgach, qiz yigit bilan yaqinlashish onlarini ham qoʻrquv, ham sogʻinish bilan kuta boshladi.

Oradan uch yil oʻtgach, taqdir ularni begona bir yerga olib kelib tashladi. Mahfuza buning yaxshi yoki yomon ekanini ham bilmaydi. Yaxshi, desa, musofirlik zahmatlaridan choʻchiydi. Yomon desa, umr yoʻldoshi sultonning nazariga tushish baxtiga muyassar boʻlgan. Shuning uchun u nolish yoki rad soʻzlar aytish bilan erining koʻnglini ogʻritishni istamasdi.

Ular uyga namat toʻshayotganlarida eshik ogʻzida oftobda qoraygan ozgʻin bola koʻrindi. Qoʻlida kosa. U kirishni ham, kirmasini ham bilmay turardi. Shamsibek tashqariga chiqqanida, bola yoshiga yarashmagan yoʻgʻon ovozda salom berib, kosani uzatdi.
— Enam berdilar, — dedi.
— Eshiklaring qaysi? — dedi Shamsibek uning qoʻlidan chinnini olar ekan.
— Qaysi eshik? — Bola Shamsibekning soʻziga tushunmadi.
— Uylaringiz-da, — dedi Shamsibek.
— Narigisi, — bola oʻng tomondagi hovlini koʻrsatdi.
— Rahmat aytdilar, degin, xoʻpmi?

Bola «xoʻp», deb iziga qaytdi. Oqshomga yaqin yana ikki qoʻshnidan ovqat chiqdi. Shundan soʻng Mahfuzaning koʻngliga chiroq yoqilganday boʻldi.
— Qoʻshnilardan yolchisak, musofirlik tuzi shoʻr botmas, — deb qoʻydi.

Shamsibek sahar bilan roʻzgʻor tashvishida bozorga ketdi. Poʻlotiy nondan, meva-chevadan olib, uyiga qaytishda Abdulvahobni koʻrdi. Yonida otasi.
— Bir haftadan beri koʻzimiz yoʻlingizda, — dedi Boybuva salom-alikdan soʻng. Soch-soqoli olingan, kulohjanda oʻrniga doʻppi va toʻn kiygan Abdulvahob Shamsibek bilan sovuqroq koʻrishdi. Buni sezgan Boybuva oʻgʻliga qovoq uyib qaradiyu indamadi. Keyin Shamsibekka jilmayib, dedi:
— Qoʻlingizdagini uyga tashlab chiqsangiz, choyxonada birga nonushta qilsak.

Shamsibek ularni uyga taklif qildi. Boybuva «yangi roʻzgʻorsizlar», deb unamagach, qoʻlidagilarni tashlab chiqdi.

Ular chekkaroqdagi xoliroq choyxonaga borishdi. Abdulvahob yoʻlda ham, kelib oʻtirishganda ham ogʻiz ochmadi. Boybuva oradagi sovuq sukutni quvish uchun turli mavzularda gap ochar, Shamsibek tinglar, kerak boʻlgan taqdirda bir-ikki jumla bilan cheklanardi. U qarshisida tund boʻlib oʻtirgan saboqdoshiga qarab, oʻylardi: «Unda oʻz baxtidan boʻlak barcha narsa muhayyo. Mol-dunyo bandaga baxtiyorlik qasrini qurib berishdan ojiz ekan-da? Ilgari u varrak yasashni bilmasdi. Uquvsizroq edi. Ammo qishloqdagi eng yaxshi varrakni bir burda zogʻora non evaziga sotib olib, koʻz-koʻz qilardi. Eng balandga koʻtariladigan varrak Abdulvahobniki edi. Baxt varrak emas ekan. Uni sotib olib uchirish hali hech kimga muyassar boʻlmagan. Boybuva muddaoni aytishga istihola qilyapti. Sezib turibman. Men ular oldida yalang oyoq bir bola edim...

Hayot katta shikorgayu bandalar sayyodga oʻxshar ekanlar. Saydni quvishda kim ba’zan oʻzadi, kim qoladi. Kimning oʻqi nishonga boradi, kimniki yoʻq... Sayd ortidan quvishda qancha yoʻqotishlar boʻladi...

Abdulvahob qancha yoʻqotdi? Yana qancha yoʻqotadi? Men-chi? Javobga hisob ojizdir. Xudoning har bandasi daqiqa sayin oʻzini yoʻqotib, hech kim bilmagan boshqa odamga aylanib boradi. Faqat shakli shamoyili bilan bir-birovini taniydi. Uzoq yil koʻrishmasa tanimay qolishi ham shubhasiz. Shu topda qayta tanishmoq lozim. Nechun? Yana yoʻqotish uchunmi? Abdulvahobni, garchi u men uchun aziz boʻlmasa-da, ikki marta yoʻqotdim. Boybuva bugun bizni yana qayta topishtirmoqchi... Yoʻq, hayot sayd ortidan quvishga nisbatan ancha mushkulroq...»
— Mulla Shamsibek, kelishimizning boisi sizga ayon boʻlsa ehtimol. Siz ham oʻgʻlim qatori oʻgʻlimsiz. Oppoq soqolim bilan aytgan soʻzlarimni nazarga olursiz. — Boybuva muddaoga oʻtayotgani uchun Shamsibek xayollari ogʻushidan qutulib uning gaplarini tinglashga tutindi: — Mirzo Ulugʻbek Koʻragon hukmdorligi kunlarida Movarounnahr va Turkiston mamlakatining raiyati zulm zulmatidan adlu ehsonning obi-hayot chashmasiga yetishdi. Va barcha xaloyiq omonliq boʻstoni ham farogʻat chamanida orom oldi. Bu Xudoga ham, bandasiga ham ma’lum va manzur. Aqli noqis doʻstingiz bu marhamatni koʻzga toʻtiyo qilmoq oʻrniga gumrohlik yoʻlini a’lo topgan ekan, meni rizo qilmay, Xudoning gʻazabiga uchradi. Oʻtgan gunohlari uchun uzr soʻrasa, yolgʻiz Tangriyu davlatpanohini istagi bilan yana ilm olmoqqa yetishurmikin...

Boybuva jim qoldi. Shamsibek ham, javobga shoshilmadi. Dam oʻtmay boybuva yana gapira boshladi. U endi anchayin mungli ohangda soʻz aytardi:
— Umrim afsonasi oxirlab qoldi. Ajal shamoli umidim somonini ham, umr donasini ham sovuryapti. Koʻzim ochiqligida orzu-havasim ushalsa degan yolgʻiz umid bilan yashayapman. Yaxshilik yerda qolmaydi, oʻgʻlim. Bizga koʻrsatgan lutfu-karamingiz, Xudo xohlasa, oʻn chandon boʻlib oʻzingizga qaytadi.
— Boybuva, muddaoni anglamay turibman.
— Muddao shulki, — Abdulvahob soʻz boshlab otasiga qaradi. U koʻzi bilan «gapiraver», degan ishorani qilgach, davom etdi: — Shahriyor oldida oʻzim uzrxohlik qila olmayman. Oramizda vositachi boʻling... Men farzandning burchi — otaning himmat va ravishiga yaxshi mutoibat qilish ekanligini angladim. Buni amalga oshirmoqqa yolgʻiz siz koʻmak bera olasiz.
— Madrasaga qaytish ixtiyoringizni fursat topib olampanohga yetkazaman. Ammo ilm olmoqlikka faqatgina istakning oʻzi kifoya qilmas. Siz bu haqda mulohaza qilib koʻrdingizmi?
— Oʻgʻlim, haq soʻzni aytdingiz. Lekin madrasa eshigidan har vaqt zukko va allomalar chiqavermaydi-ku? Abdulvahob xatmi kutub qilsa boʻlgani. Allomalikka da’voimiz yoʻq.
— Uzrlarini shahriyorga yetkazaman. Biroq, Abdulvahobning madrasaga qaytishi xususida bir soʻz deya olishga ojizman. Shu topdagi va’da dashtda ovlanmagan ohuni sizlarga bagʻishlash boʻlib qoladi.
— Albatta, albatta. — Boybuva yonidan xaltacha chiqarib Shamsibekka uzatdi. — Oʻgʻlim, bu tangalarni olib qoʻying.
— Nimaga?
— Abdulvahobning kamu koʻstidan xabardor boʻlib turasiz. Uni sizga inonib tashlab ketaman.
— Boybuva, Abdulvahob sagʻir emaski, men uning kamu koʻstidan boxabar boʻlib tursam. Oʻziga qoldiravering. Kamxarjlikda qiynalsa, u holda xabardor boʻlish oʻrinli.

Boybuva xaltani yana qoʻyniga soldi.
— Men ertaga bomdoddan soʻng Buloqboshiga joʻnayman. Kuzning nafasi kelib qoldi. Ish boshida turmogʻim lozim. Sizga ishonib ketyapman.

Nonushta bahonasida aytilmoqchi boʻlgan gaplar tugab, ortiqcha oʻtirishga hojat qolmagan edi. Boybuva fotihaga qoʻl ochdi.

Shamsibek uyga qaytgach, Mahfuza Abdulvahoblarning muddaosini soʻradi. Voqeani bilgach, «Shunday qilmasangiz boʻlardi», dedi.
— Eski ginalarni unutmaslik gunoh, — dedi Shamsibek Abdulvahobning sovchi qoʻyganiga shama qilib.
— Mening gina-kuduratim yoʻq. Qishloqning kattayu kichigi ularning yaxshiligini eslamaydi. Dillari toza emas-da, buni oʻzingiz ham bilasiz-ku?
— Bu gaplarga hojat yoʻq. U aybiga iqror.

Shu bilan tonggi mehmonlar xususidagi gapga nuqta qoʻyildi. Shamsibek peshinda Bibixonim masjidiga chiqib, undan keyin Koʻhak tomonga yurdi.

Pushtai Koʻhak domanasiga yaqinlashganda Qamariddinga duch keldi.
— Shahriyor bu kecha bazm qurish ixtiyoridalar. Purdil yigitlarni maydonga chaqiramiz, — dedi Qamariddin omonlasha turib.
— Men ahli urfon1 majlisga toʻplanar, degan xayolda edim, — dedi Shamsibek. Darhaqiqat, u Ulugʻbek ziyofatidan bahramand boʻlishni oʻylamagandi.
— Boʻlsa bordir. Bazm balki majlisdan soʻngdir,— dedi Qamariddin unga javoban. Keyin «shoshib turibman», deb otga qamchi urdi.

Rasadxona atrofida Shamsibek tanimaydigan odamlar koʻp edi. Shuning uchun u yotsirab chetroqda turdi. Bir vaqt ixcham salla oʻragan, Shamsibek tengi yigit unga yaqinlashib, salom berdi. Shamsibek uni tanidi. Bu kechagi kuni olampanohga navisandalik qilgan yigit, Aflotun-zamonning nabirasi Miram Chalabiy edi.
— Men Mahmud ibn Muhammadman2. Shayx-ul-ulamo3 sizni kutib olishni kaminaga topshirib edilar. Uzrkim, tashrifingizdan bexabar qolibman.
— Takallufingizdan boshim koʻkka yetdi. Agar yanglishmasam, shahriyor katta majlis qurishni ixtiyor qilgan koʻrinadilar.
— Ha, qani, marhamat qilsinlar.

Bu damda boshqalar ham qasr tomonga yoʻl olgandilar.

Qasr oldidagi maydonchaga bir doira qilib gilamlar, gilamlar ustiga esa yakandoz va dasturxonlar toʻshalgan, dasturxon usti noz-ne’matlar bilan toʻla edi.

Kelganlar oʻz izzatlariga yarasha joy tanlab oʻtirdilar. Shamsibek poygakdan joy oldi. Miram Chalabiy uni bir oz yolgʻiz qoldirdi. Keyin qaytib keldi-da, omonat oʻtirdi. Qasr tomonda Ulugʻbek koʻrinishi hamon barcha oʻrnidan turib, salomga shaylandi. Olampanoh salomlarni qabul qilgach, yana qayta oʻtirdilar. Hamma Ulugʻbekning soʻz aytishini kutib, jim qoldi. Ulugʻbek joyiga bordi-da, davraga nazar tashlab:
— Oʻgʻlim Alouddin Ali Qushchi nechun kurinmaydi?— deb soʻradi.

Miram Chalabiy ildam oʻrnidan turib, qulluq qildi:
— Batlimusi davron rasadxonada andak tutilib qoldilar. Daqiqa oʻtmay yetib kelurlar, — dedi u.

Ulugʻbek yaxshi, degandek bosh irgʻab, «dasturxonga marhamat qilinglar», deb qoʻydi. Yigʻilganlar guruh-guruh boʻlib past ovozda gaplasha ketdilar. Shamsibek Ali Qushchining kelishini kuta boshladi. U xizmatkorlik chohidan allomalik darajasiga koʻtarilgan donishmandni koʻz oldiga keltirishga harakat qilardi. Lekin Ali Qushchining tashrif buyurganini sezmay qoldi. Miram Chalabiy «Keldilar», deb shivirlagandan keyingina, Ulugʻbek qarshisida ta’zimda turgan oddiy kiyimli, qoracha, chayir kishining Ali Qushchi ekanini fahmladi. Ulugʻbek unga yonidan joy koʻrsatdi. Oʻzaro gaplashib olishgach, Mirzo oʻrnidan turdi. Uning soʻz aytmoqqa shaylanganini bilib, yigʻilganlar gapni bas qildilar.
— Aflotuni zamon Salohuddin Muso Qozizodayi Rumiyning jannat bogʻiga rixlat qilgʻonlariga olti yil boʻldi. Ilm arki shayxul-ulamo Gʻiyosid-din Jamshid vafotidan soʻng koʻp qashshoqlashdi. Inna lillahi va inna ilayhi roji’un. Bizning barimiz Ollohning bandalarimiz va uning oʻziga qaytgumizdir. Bizdan qolgan osor-atiqalar bizning kim boʻlganimizdan darak bergusi. Alalxusus, bizdan keyingi qolgʻuchi osor-atiqalarga nazar qilish muddaosida siz kabi farosatli ahli idrokni toʻpladik. Amri a’lo shulkim, bugundan e’tiboran, dorus-saltanada Baytul-hikma1 joriy qilinsin. Ahli irfonning Baytul-hikma atrofida birlashuvi Tangrining sof himmatidan umid qilinur. Tuprogʻimiz ulugʻ donishmandlar Abu Nasr Forobiy, al-Xorazmiy, al-Beruniy, Ibn Sino qadamlaridan munavvar boʻlgan. Tiriklik ta’mining oʻzlari uchun shirin va mazali boʻlishini istab, butun olamni oʻzlaridan past deb bilgan xoqonlar davronida ular bu tuproqqa begona boʻlibdilar. Alalxusus, Tangri karomati ila yorugʻ dunyoda koʻz ochayotgan allomalarni toʻplash burchimizdir. Allomalar quvgʻin va alam sahrosida sargashta yurmay izzat-ikrom shohsupasida oʻtirmoqlari lozim.

Ulugʻbek soʻzdan toʻxtadi. Oʻtirganlar tasdiq ishorasini qilib gapga tutindilar. Mirzo davradagilarga oʻtkir nazarini bir-bir qadab chiqdi-da, joyiga qaytdi.
— Baytul-hikma xususida kim soʻzlamakchi? — dedi u oʻtira turib. Uning savoli birmuncha fursat javobsiz qoldi. Shunda u sukut saqlab oʻyga tolgan Ali Qushchiga qaradi: — Bu xususda oʻgʻlim ne der ekan?

Ali Qushchi qoʻlini koʻksiga qoʻyib, oʻrnidan turdi. Yengil ta’zim qilib soʻz boshladi. U shahriyorga nisbatan tez gapirar, soʻzlayotganida nigohi bir joyda turmas edi.
— Dorul-saltanada Baytul-hikma qaror topsa nuralannur boʻlur. Baytul-hikma xalifa Ma’mun1 farmoni bilan barpo etilgan allomalar uyushmasiga oʻxshamay, ilm arkining norasidalarini haq yoʻlga boshlovchi dargoh boʻlsa.
— Ma’qul, — dedi Ulugʻbek mamnun bosh irgʻab. Bunga javoban Ali Qushchi ta’zim qildi-da, soʻzini davom etdi:
— Tangri-taoloning qudrati bilan yorugʻ dunyoga bizdan ilgari kelgan allomalar ilm arki xazinasini noyob fikr durdonalari bilan boyitdilarkim, biz bu durlardan hanuz bahramanddurmiz. Ammo ilm arkimizning norasidalari bilmoqliklari shartdurkim, ushbu fikrlar qanchalar noyob boʻlmasin, mutlaq emasdur. Falak aylangani sayin ular tahlil va tahrirga muhtoj boʻlib borurlar. Al Xorazmiyning «Kitob surat al-arz» deb atalmish risolasida Batlimus jugʻrofiyasiga oʻzgartishlar va aniqliklar kiritishi ilm arkimiz norasidalariga oʻrnak boʻlmogʻi darkor. Yunonning ulugʻ allomalari yaratgan nodir asarlarni dadil tahrir qilgani uchun Al Xorazmiy ulardan katta noaniqliklarni topdi va Tangrining xohishu istagi bilan yozilgan «Al kitob al muhtasar fi hisob al jabr va muqobala» zar andar zar boʻldi. Baytul-hikmada shular chetda qolmasa, degan umidimiz bor.

Ali Qushchi Ulugʻbekka yana ta’zim qilib, soʻzini tugatishga izn soʻradi. Mirzo unga boʻlak gaping yoʻqmi, deganday savol nazari bilan qaradi-da, keyin «Miram Chalabiy» deb chaqirdi. Shamsibekning hamsuhbati oʻrnidan turgach:
— Qulogʻimiz senda, — dedi.
— Sizning bul amringiz bizday ilm arki norasidalarining yoʻlini oftob yangligʻ yoritgusidir. Ustodning gaplari ham koʻp ma’qul. Men tavbalari qabul boʻlgur bobomning «Batlimusdan oʻrgan, ammo taqlid qilma», degan oʻgitlarini toabad yodda tuturman. Istagim shulki, tengqurlarim ham nasihatgoʻylikdan nari yursalar. Yana bir istagim shulki, ilm arkining biz kabi norasidalari Al Forobiy, Ar Roziy, Al Beruniy, Al Xorazmiy, Al Fargʻoniy kabi shayxul-ulamolarning yoʻliga solinsa, ya’ni alloma Tangri yaratgan ilmlarning baridan boxabar boʻlsa. Falakiyot, riyoziyot, handasa, tibbiyot, jugʻrofiya, adabiyot ilmidan xabar topsagina alloma deb tilga olinsa.
— Ma’qul. Yana kim soʻz aytish istagida?

Qora soqol qoʻyib, katta salla oʻragan kishi oʻrnidan turdi. Shamsibek uning kimligini bilmasdi. Ammo majlis oldidan uning anchayin sezilarli oqsashiga e’tibor berib, «tugʻma oqsoq ekan», deb qoʻygandi.
— Qulogʻim senda.
— Baytul-hikma Sizning ulugʻ marhamatingiz tufaylidur. Shu bois unga boʻlak yurtlardan allomalar jalb qilinmasa.
— Nechun?
— Sizning marhamat nuringizdan bahramand boʻlayotgan Movarounnahr allomalari ham yeturmikin, degan xayoldamiz.
— Xayoling chakki! Baytul-hikma Haq-taoloning istak va xohishi bilan boʻlur, alalxusus, unga kurrai arzning iqtidorli allomalari taklif qilinur.

Baytul-hikma xususida boʻlak fikr aytuvchilar chiqmadi. Mirzoning ishorasi bilan bazm boshlandi. Miram Chalabiy, «Bu bazm qaror topgan Baytul-hikma sharafiga», deb tushuntirdi. Shamsibek bu kech shahriyor suhbatida boʻlolmasligini sezdi.

Ertasi kuni ham, ikki kundan soʻng ham mirzo huzuriga kirish sharafiga muyassar boʻlolmadi.

Bir haftadan keyin me’mor dorulshafaqa imoratining tarhi tayyor boʻlganini ma’lum qilgach, olampanoh dargohiga yuzlana oldi. Bir osh’yonliq bino qurish fikrini shahriyor ma’qulladi. U atrofga mevali daraxtlar ekishni ta’kidlagach, me’morga dedi:
— Yangi hammom uchun nobop joy tanlanibdi.
— U yer koʻpchilikka ma’qul boʻlib edi.
— Ma’qul emas. Toʻrt koʻchaning boshi berkilib qoladi. Shahristonda boshi berk koʻchalarning mavjudligi me’morning noqobilligi oqibatidir. Shuni inobatga ol.

Ulugʻbek qaytishga ruxsat berdi. Shundan soʻng Shamsibek Abdulvahobning uzrini aytishga jur’at qildi.
— Vositachi boʻlmogʻingga sabab nedur? — dedi Ulugʻbek uning soʻzlarini tinglab boʻlib.
— Sababi oʻzingizga ma’lum: saboqdoshmiz, bir qishloqdanmiz.
— Shuginami?
— Ha, shugina xolos.
— Iqtidoriga kafilmisan?
— Ojizman, shahriyorim.
— Balli. Shundayligi menga ham ma’lum edi. U madrasani toat-ibodat uchun emas, aqli noqisligi uchun tark etgan. Dori dardga sabab ekan, shifoga qanday umid boʻlishi mumkin?
— ...
— Faqatgina saboqdosh boʻlgani uchun ilm arkiga yetaklab kirishga intilmoq masjidga eshak olib kirmoq bilan barobardur. Shuni bilki, boʻlak sababi bilan emas, balki aqli noqisligi uchun ilm dargohidan qaytib, unga tosh otganlar tuban va johildurlar. Yana bilki, kimki johilga koʻmak bersa, Olloh uning ustidan shul johilni hukmron qilib qoʻyur. Saboqdoshing jarimalari sahifasiga avf raqamini tortmoqqa noloyiq. Bundan soʻng fikringni bu qadar bema’ni ishlar bilan band etma.

Shamsibek uzr ayta-ayta, chiqdi.

Ertasi kuni rasadxona yoʻlidagi yerga dorulshafaqa binosini qurish harakati boshlandi.

Jahon ichra yana bir osmon

Jahongir boshida qattiq ogʻriq turganini his qildi. Daftarni yopib, xona boʻylab yura boshladi. Bir oz yotdi ham, boʻlmadi. Tashqariga chiqdi. Dam oluvchilar sayrga ketishgan, shuning uchun atrofda shovqin yoʻq edi. Pastdagi soyning shovillashigina togʻlar sukunatni buzib turardi. Jahongir soy boʻyiga tushdi. Sohilda bir oz yurdi-da, keyin katta xarsangga oʻtirdi. Suv koʻpirib, toshlarni yumalatguday boʻlib oqar, uning muzdek shabadasi tanga xush yoqardi. «Sal narida bundan ham kattaroq soy bor, — deb oʻyladi Jahongir. — Ikkisi qoʻshilib kichik daryo boʻladi. Keyin u katta daryoga, daryo esa dengizga qoʻshiladi. Fan tarixi ham shunga oʻxsharkan. Turli zamon, turli yurtlarning olimlari oʻziga xos bir jilgʻa boʻlib, dengizga quyilavergan. Dengizda biz bir tomchimiz xolos. Qancha kashfiyotlar qilindi. Bu kashfiyotlarning qanchasi qayta ishlanishga muhtoj. Ali Qushchining ta’biri oʻrinli boʻlgan ekan: Alloma ulugʻ boʻlgani bilan uning fikri mutlaq emas! Al Xorazmiy Ptolomeyning geografiyasini tubdan qayta ishladi. Soʻngra fanning yangi tarmogʻi algebrani yaratib naqadar buyuk ish qildi. Tenglamalarni hal qilishda Yevklid geometrik yechimlar bilan cheklangan, Diofant taklif qilgan yechimlarni isbot qilib berolmagan, Geron esa, ayrim sonlarning ilovasinigina bergan edi. Al-Xorazmiy mana shularni tahlil qilib yechimda Arximeddan koʻra aniqroq qiymatni chiqardi. Fibonachchi, Pachiola, Tartalyan, Kardan, hatto Ferrari1 Xorazmiyni ustod deb tan olgan edilar. Kibernetikaning asosiy terminlari — «algoritm» va «algorifm» Al Xorazmiy nomi bilan bogʻliq boʻlib qoldi. Buning barchasi nusxa koʻchirish emas, hayiqmay tahlil qilish va qayta koʻrib chiqishning natijasi boʻldi. Biz salaflarimizning shu xislatlarini chuqurroq egallashimiz kerak ekan. Holbuki, hozir nomdor akademikning ishini qayta ishlash tugul, tahlil qilish, jilla boʻlmasa sharhlash katta muammo boʻlib qolyapti. Mana Jamshid... Yana keraksiz xayolga berildim. Boshqa narsani oʻylashim kerak. Nimani? Masalan, rasadxonani... Qanday goʻzal bino. Darvoqe, bu haqda Sultonga maktub yozishim kerak edi...» Jahongir shuni eslab, oʻrnidan turdi-da, yuqoriga koʻtarildi.

Boshining loʻqillashi hali toʻxtamagan boʻlsa ham, xonasiga kirgach, bir varaq qogʻoz olib, tez-tez yoza boshladi:

«Doʻstim Sulton! Tajriba davrida bir fikr uygʻondi. Jasadi tajribaga asos boʻlgan alloma Ulugʻbek rasadxonasini koʻrgan ekan. Taassurotlari asosida men ham uning guvohi boʻldim. Rasadxonani tasvirlashga koʻp vaqt kerak. Men hozir bunga qodir emasman. Sen faqat bir narsani oʻylab, tekshirib, hujjatlarni solishtirib koʻr: rasadxona qachon buzilgan? Kim buzdirgan? Abdullatifmi? U holda nega Bobur Mirzo «Boburnoma»da darz ketgan tosh taxtga qadar batafsil tasvirlagan? Alisher Navoiy-chi? Esingdami:

Temirxon naslidin sulton Ulugʻbek,

Ki olam koʻrmadi sulton aningdek...

... Rasadkim bogʻlamish zebi jahondir,

Jahon ichra yana bir osmondir...

Bulardan tashqari, bilishimcha, Abdullatifning oʻlimidan soʻng rasadxonada astronomik tekshirishlar olib borilgan. Balki boshingni bemavrid aylantirayotgandirman? Men shunchaki oʻylab koʻr, demoqchiman.

Salom bilan, Jahongir. 16 iyun 19... yil».

Jahongir xatni pochta qutisiga tashladi-da, yana bir oz soy boʻyida yurdi. Xayol bilan boʻlib, katta hovuzga yaqinlashganini sezmay qoldi. Bu hovuzda choʻmiluvchilar koʻp boʻlguchiydi. Bugun negadir ikki yigitdan boʻlak hech kim yoʻq. Ulardan biri oftobda toblanib yotibdi. Biri yuqoriga chiqib kalla tashlashga hozirlanardi. Mana u tashladi. Lekin Jahongir oʻylaganday kallasi bilan emas, qorni bilan tushdi. Suv chayqalib atrofga sachradi. Jahongir birdan toʻxtab qoldi. Keyin suzayotgan yigitga qarab turdi-da, tez burilib orqasiga qaytdi. Oromgoh boshligʻining xonasiga kirib, institutga telefon qildi. Mansur tajribaxonada ekan. U ikki soatlardan soʻng oromgohga yetib keldi.

Jahongir uni soy boʻyiga boshladi. Hol-ahvol soʻragach, muddaoga koʻchdi:
— Men oʻzimni yomon his qilganimda elallomada oʻzgarish sezilmadimi?

Mansur oʻshanda elallomaning kuyib qolganini ustozidan yashirgan edi. Shuning uchun Jahongirning savoli uni gangitib qoʻydi. Jahongir buni sezdi.
— Toʻgʻrisini aytaver, yashirma.
— Elalloma kuyib qolgan edi.
— Qanday qilib?

Mansur bor gapni aytdi.
— Buni oʻsha zahoti aytishing kerak edi, — dedi Jahongir ranjiganini yashirmay.
— Men sababini aniqlay olmadim, — dedi Mansur.
— Uning kuyib qolishida hech kimning aybi yoʻq. Elalloma texnik jihatdan bexato ishlangan.
— Unda xavf chiroqlarining yonishi, keyin uchqun chiqishi nimadan sodir boʻldi?
— Bularning bariga sabab — biotoʻlqinning kuchayishi. Voqealarning kishi ruhiga ta’siri biotoʻlqinning kuchayishiga yoki susayishiga sabab ekan. Voqea fojiaga borib taqalganda men oʻzimni yomon his qilganman. Xuddi shu paytda elallomaning tahlil va xulosalash boʻlimida ogohlantiruvchi chiroq yongan. Biotoʻlqinning kuchlanishi oshgan. Tushundingmi? Biz elallomani bir me’yordagi biotoʻlqinga moslagan edik. Avvallari u tekis oquvchi suv kabi boʻlgan voqealarni tiklagan edi. Endi suv toʻsatdan qattiq chayqaldi. Ana shu chayqalishning kuchi uchqun chiqargan. Mana shularni hisobga olib, elallomaga tezlik bilan moslama oʻrnatishimiz kerak. Tajriba vaqtincha toʻxtatiladi. Men ikki kundan keyin tushib boraman.
— Kecha kibernetika institutdagilar kelishdi. Yaxshi bir yangilikni taklif qilishyapti. Robot bilan oʻtkaziladigan tajbiramizda teleekranda foydalanishmoqchi. Robot ham elallomadan axborotni qabul qilib oladi, yozib boradi, ham teleekranga uzatadi.
— Juda yaxshi. Tayyor turishsin. Balki, shu yilning oʻzida boshlarmiz.

«19... yil, 21 iyun. OʻzFA Biofizika ilmiy-tekshirish instituti. Professor Alievning tajribaxonasi.

Bugunga moʻljallangan tajriba qoldirildi. Barcha elallomaga oʻrnatiladigan yangi moslama yaratish ishiga safarbar qilindi».

«19... yil, 2 iyul. Moslama yaratildi. Ertaga tajribaning oltinchi bosqichi boshlanadi».

«19... yil 3 iyul. Soat 11.00. Tajribaning oltinchi bosqichi boshlanishi kerak edi.

Elallomalar ishga tushganida tajribaxonani radiotoʻlqindan muhofaza qiluvchi pardaning kuchsizlangani sezildi.

Soat 13.15. Muhofaza pardasi tiklangach, tajriba boshlandi. Professor oʻzini yaxshi his qilyapti. Meditsina komissiyasi unda oʻzgarish sezmadi. Barcha xodimlar tajribaning borishi haqida professordan ma’lumot kutishyapti. Biroq, professor «Tajriba biz oʻylagandek tekis davom etyapti», deyish bilan cheklandi. Oʻzini «Professorning yaqin doʻstiman», deb tanishtirgan yozuvchi Toʻlqin Murodovni ham qabul qilmadi.

Soat 18.15. Tajribaning oltinchi bosqichi hech qanday hodisasiz muvaffaqiyatli tugadi. Professor oʻzini yaxshi his qilyapti. Tajribaning yettinchi bosqichi 11 iyulga moʻljallanadi. Professor bugungi voqea uchun tajriba rahbariga tanbeh berdi. Uning aytishicha, voqealar orasida uzilish sezilgan. Tajriba haqida boʻlak ma’lumot yoʻq».

Darhaqiqat, tajribaning boshlanishidayoq Jahongir elalloma yuborayotgan axborot oqimining xiralashganini sezdi. Keyin yana qalandarlik libosiga kirgan Abdulvahob, madrasada va’z aytayotgan Ulugʻbek, xazinada oltin saralayotgan Shamsibek, nimadir tikayotgan Mahfuza va anglab boʻlmaydigan tasvirlar koʻz oʻngida namoyon boʻldi. Keyinroq tasvirlar oydinlashib, soʻzlar ham aniqlashdi.

Jahongir oromgohga qaytgach, shularni xayolida qayta tiklashga urindi.

Falak (kundalikning oltinchi sahifasi)

Birinchi qor tushganida binoning poydevori qoʻyilib, devor yerdan odam boʻyi koʻtarilgan edi. Chilla kirdi. Sovuq koʻz ochirmay qoʻydi. Ustma-ust qor yogʻib, tizza boʻyiga chiqdi. Tomlardan kuralgan qor tor koʻchalarni deyarli toʻldirayozdi. Oʻn kundan beri quyosh ham yuz koʻrsatmaydi. Goʻyo zamin sovuq lahadga tushganday. Faqat odamlarning harakatigina hayotning soʻnmaganidan dalolat beradi.

Bino qurilishi boshlangach, Shamsibek xazinadagi oltin-kumushlarni saralashga kirishgandi. U kun boʻyi saroydagi doʻkondan chiqmas, uyga qosh qorayganda qaytardi. Ba’zan oʻgʻli uxlab qolgan boʻlardi. Zavjasi sandalning olovini balandlatib, oʻzi bir chekkada chevarlik qilib oʻtirgan boʻlardi. Shamsibek uning nima tikayotganiga koʻp ham ahamiyat bermasdi.

Samarqandga kelgan kunlari yolgʻizlikdan Mahfuzaning dili xun boʻlib, turli rang ipak oldirgan, Buloqboshidagi odaticha, doʻppi, qiyiqlar tikib, oʻzini ovutardi.

... Shamsibek bugunga moʻljal qilgan oltinlarni quyib boʻlib ketishga chogʻlanganida ganjur1 uni ichkariga chorladi. Ixcham sandiqlardan birini ochib:
— Qarangchi, kecha Hindistondan keltirishdi. Tillasi durustmikan? — dedi.

Shamsibek tilla bezaklarga havas bilan tikilib qoldi. Bezaklar shu darajada nafislik bilan ishlangan ediki, tillaligi uchun emas, nafisligi, goʻzalligi uchun ham bebaho edi. Shamsibek tilladan shunday bezak ishlay oladigan zargar bor, deb xayoliga ham keltirmagandi. U bir baldoqni olib, mash’ala yorugʻiga tutdi. Soch tolasi yoʻgʻonligidagi halqachalarga moshning yarmicha keladigan yoqut qadalgan. Mash’ala yorugʻida ular xuddi bargga qoʻngan shudring tomchisiday titraydi, yaltiraydi.
— Bundan zoʻrroq san’at boʻlmasa kerak, — dedi Shamsibek baldoqni joyiga qoʻyar ekan.
— Tillasi-chi? — deb soʻradi ganjur.

Shamsibek bezaklarni yana bir koʻzdan kechirdi. Ularning yuzasi bir oz xira tortgan, tillasi pastroq navli edi. Agar shunday desa, shubhasiz, bularni ham eritishi kerak. Lekin bunga uning qoʻli bormaydi. U faqat oʻzi ishlay oladigan bezak va buyumlarnigina eritayotgan edi. Shuning uchun ham u ganjurga yolgʻon gapirdi:
— Tillasi toza, eritmoqqa hojat yoʻq.
— Men ham shundaydur, deb edim, — dedi ganjur sandiqni yopib, tashqariga yoʻl boshlar ekan.

Kechqurun izgʻirin ancha kuchaygan edi. Shamsibek telpagini bostirib kiyib tez-tez yurib ketdi. Dam oʻtmay, tanasi qizib, sovuq ham sezilmay qoldi.

Mahfuza bugun ham odatdagiday sandalda oʻtirardi. Eri kirishi bilan turib qarshiladi-da, oshxonaga chiqdi. Shamsibek shiringina uxlab yotgan oʻgʻlining burnini chimdib, uygʻotmoqchi boʻldi. Kichkintoy bir gʻingshidi-yu, uygʻonmadi.

Mahfuza dasturxon yozdi-da, bir chinni ovqat bilan ikkita non keltirib qoʻyib, oʻzi ham oʻtirdi.
— Gʻanimuroddan xabar olmadingizmi? — dedi Shamsibek.
— Borib keldim. Yana yurolmayapti ekanlar, oyoqlarida shish bormish.
— Beli-chi?
— Opoqbuvi aytmadilar.

Shamsibek ovqatni ichib boʻlib, dasturxon ustidagi nonlar olingach, yuziga fotiha tortdi-da, oʻrnidan turdi.
— Men ham borib xabar olay-chi. Avvalgi kuni yuzidan xiyla qon qochgandi. Qarashidan ham xavfim bor edi, — dedi. Mahfuza «maylingiz», deb qoziqdan toʻnni olib tutdi.

Gʻanimurod sandalda yonboshlab yotardi. Sandalning bir tomonida Qamariddin oʻtirardi. Uy egalari koʻrinmasdi. Shamsibek kirib bir oz oʻtirgach, Gʻanimurodning tomirini ushlab koʻrdi. Keyin uning shishgan, bir oz koʻkargan oyogʻini koʻrdi.
— Men malham tayyorlab qoʻyaman. Zavjam ertaga tashlab ketar. Kechga qadar besh marotaba surib, yaxshilab silang. Sovuq tegmasin. — Shamsibek shunday deb, ketishga chogʻlandi. Qamariddin ham turdi. Ikkovlon xayrlashib chiqishdi.
— Oyogʻini koʻrib mashqingiz pasaydi, tinchlikmi?— dedi Qamariddin.
— Payqadingizmi? — dedi Shamsibek. — Unga ogʻir dard ilashibdi. Qorason boʻlganga oʻxshaydi.
— Davosi mushkulmi?
— Davosi yoʻq.
— Hech-a?
— Oyoqni kessa, balki...
— Astagʻfirulloh!
— Boʻlak shifo yoʻq. Suyaklar iriy boshlagan. Tabobat ojiz.
— Yo Xudo, bedavo darddan oʻzing asra. Ammo Gʻanipolvonga ixlosim baland edi. Bundayin mard kamdan-kam boʻladi... Peshanasida baxtsizlik bor ekanda... Nailoj... Asli baxtsizlik yopishgan kishi oxir bir kun uning sharbatidan totadi, derdilar. Gʻanipolvon bu sharbatdan xiyla erta totib qoʻyibdi. Attang.

Shamsibek indamadi. Bir oz yurishgach, Qamariddin yana soʻz ochdi.

Kecha anavi qozini koʻrdim. Afti angori ancha xarob.
— Qaysi qozini aytyapsiz?
— Andijon yoʻlidagi-chi?
— Sizni tanidimi?
— Tanimay-chi! Teskari qarab oldi. Erta-indin u ham devonalarga qoʻshiladi. Qalandarlikka qaytgan joʻrangiz uni qanotiga oladi.
— Nega unday deyapsiz?
— Fargʻona ayolatidan kelganlar tez topishadilar.
— Musofirlikda yuz issiq boʻladi-da.
— U nonkoʻr qalandar bilan koʻrishib turasizmi?
— Ha.
— Siz u bilan salom-alik qilmang. Undan yaxshilik chiqmaydi. Nazari sovuq.
— Shunday deysiz-u, lekin u ham tirik jon. Xudoning bandasi.

Ular madrasa muyulishida ajrashdilar. Shamsibek kelganida Mahfuza uxlamagandi. Eri tanchaga oʻtirib yonboshlagach, Gʻanimurodning ahvolini surishtirdi. Keyin erining xayolga choʻmganini koʻrib, asta soʻradi:
— Yaqin orada Abdulvahobni koʻrmadingizmi?

Shamsibek qoʻqqisdan berilgan bu savolga hayron boʻldi.
— Nima edi?
— Xavotirdaman. Koʻpdan beri eshigimiz tagidan oʻtishni odat qilgan. Uch-toʻrt bor koʻpchilik boʻlib oʻtdilar. Baqirib, nimalarnidir aytadilar, men anglay olmayman. Koʻngliga yomonlik oralamaganmikan?
— Biz unga nima gunoh qilibmiz-ki, koʻngliga yomonlik oralasa?
— Shahriyorning rad javobini sizdan koʻrsa-chi?

Shamsibek «yoʻq» deb kulimsiradi. Oʻsha uzrxohlikdan soʻng Abdulvahobga olampanohning javobini yetkazganida, u: «Sen astoydil vositachilik qilmagansan, mening mulla boʻlishim senga yoqmaydi. Chunki sen qishloqning yagona mullasi boʻlishni istaysan. Koʻnglung qora!» qabilidagi xunuk soʻzlarni aytgan edi. Albatta, bu gaplardan Mahfuza bexabar. Shamsibek uning xavotirligi oshmasin, deb bildirmagan edi. Shuning uchun ham hozir, «bu yurish ularning odati, avhomga1 berilmang», deb qoʻya qoldi.

Mahfuza erining mudrayotganini koʻrib qoʻltigʻiga yana bir yostiq qoʻydi-da: «Bir narsa koʻrsatsam izza qilmaysizmi?» — dedi.
— Nima ekan? — dedi Shamsibek.

Mahfuza tokchada oʻrogʻliq matoni olib ochdi.
— Qarang-chi!

Shamsibek qaddini rostlab, matoga tikildi: koʻm-koʻk matoga zarhal ipakda ajib tasvirlar chizilgan: oʻrtada kungaboqarni eslatuvchi doira. Atrofida doirachalar. Ipaklar toʻlqinsimon qilib tikilgani uchun doirachalar yoniq yulduzlar kabi jimirlab turibdi. Matoning chetlarida ikki qatorli zarhal hoshiya bor.
— Qaerdadir koʻrganman, — dedi Shamsibek undan koʻz olmay.
— Rasadxonada emasmi? — dedi Mahfuza kulimsirab.
— Ha-ha, oʻsha yerda. Ammo siz qayda koʻrib edingiz!
— Men koʻrganimcha yoʻq, sizning hikoyangizni eslab turib tikdim. Oʻxshaydimi?

Shamsibek katta doira atrofidagi doirachalarni sanadi: oltita. Rasadxona devorlarida ham xuddi shunday tasvir bor edi. Ranglar ham aynan koʻchibdi. Shamsibek ilk marta rasadxonani koʻrganida shu tasvirni Mahfuzaga soʻzlab bergandi. Ne ajabki, zavjasi buni qulogʻiga ilib, ipak bilan matoga tushiribdi.
— Faqat birginami?
— Ha, yana birini bugun boshladim.
— Jumagacha bitiring.
— Muncha shoshqich?
— Shahriyorga koʻrsataman.
— Voy, oʻlay! — Mahfuza choʻchib tushdi. Chunki bu yetti uxlab, tushiga kirmagan edi. — Voy oʻlay, nima deyapsiz! Arziydimi?

... Ertalab Shamsibek toʻgʻri xonaqohga yoʻl oldi. Uning Abdulvahobga aytadigan soʻzi koʻp emasdi. Shu bois tashqarida, kimsasiz koʻchada, tik turgan holda gaplashdilar.
— Abdulvahob, soʻnggi kunlar ichi koʻchamizdan botma-bot oʻtishingizning sababi nima?
— Shahristonda Xudoning koʻchalari koʻp. Qay biridan oʻtishim oʻz xohishim bilan boʻladi. Sizga buning daxli yoʻq.
— Har qanday qilmishning miyonasi xoʻbdur. Oqibatni unutmaslik zarur.
— Oqibatni? Xusravi beoqibatning1 etagidan tutganingiz holda bu ibratni tilga olishingiz gʻoyat taajjubli.
— Tuhmat botqogʻiga yana toʻla botibsiz. Beisbot soʻzlardan tiyilishingiz lozim.
— Beisbot deysizmi? Olloh oʻz magʻfiratiga choʻmdirgur hazrat xoqoni Said Mirzo Shohruhga, ya’ni padari buzrukvoriga suiqasd qilgan Shayx Qosim Anvarni panohiga olganiga ne deysiz?
— Mirzoga Ahmad Lur suiqasd qilgan. Shayx beayb.
— Ahmad Lurning shayxga murid ekanligi-chi? Yoinki dinimizni poymol etuvchi ilm bilan mashgʻul boʻlish-chi?
— Muridlik xususidagi soʻzingiz mavhum. Ilm xususidagi soʻzlaringiz esa bema’nilik. Haq taolo Odam alayhissalom bilan birga ilmlarni ham yaratgan. Falakiyot dinni poymol etmay, dinimiz ravnaqi uchun xizmat qilguvchi ilmdur. Rasad ahli falakdagi oʻzgarishlarga qarab namoz vaqti, roʻzai-ramazon damlari, kun chiqish va botish vaqti, niyat va farzlar muddatini, Quyosh yo Oyning tutilishi voqe boʻlsa, uning vaqtini aniqlab berish maqsadida ter toʻkadilar. Buning nimasi gunoh? Bilingki, tushunishdan ojizlikni e’tirof etmoq ham idroklilikdur.
— Shundaymi? Siz ham bilingki, sevgan narsangiz oʻzingiz uchun kulfatdir.
— Bagʻoyat ibratli soʻz aytdingiz. Sizning nazaringiz tushgan Rasulillohning hadislaridagi: «Siz biror narsani yoqtirmassiz-u, ammo siz uchun xayrlidur», degan jumlaga e’tibor qilganingiz ma’qul edi.
— Xudovandi karimning oʻzi haq-nohaqni qiyomat kunlari ajratib oladi. Mening tavbalarim oʻshanda asqotadi.
— Ilohim asqotsin. Ammo oʻrmonga oʻt ketsa hoʻlu quruq baravar yonadi.

Abdulvahobning koʻzlarida gʻazab yondi. U dinga nisbatan qattiq soʻzlar aytgani uchun emas, balki donishmandlik bobida hamqishlogʻidan ancha past ekanini his qilganidan gʻazabda edi.

Juma namozi oldidan Ulugʻbek diyor akobirlari va sohibqironning mozoriga borib muhtojlarga duoyu sadaqalar ulashdi. Soʻng Bibixonim masjidiga yoʻl oldi. Shamsibek ham uning shogirdlari qatorida turdi. Namoz tugagach barchalari madrasaga bordilar.

Dorul-saltanada Baytul-hikma qaror topganidan beri goh Ulugʻbek, goh Ali Qushchi allomalar bilan birgalikda talabalardan bir guruhini falakiyot ilmidan boxabar qilar edilar. Bu juma Ulugʻbekning oʻzi saboq berdi. U falakiyot xususida juda bosiq va ohista soʻzlar, tinglovchilar uning har bir fikrini oson uqib olish imkoniga ega edilar. Ulugʻbek ustrlob va undan foydalanish haqidagi soʻzlarini tugatgach, ziyj tuzmoq hunaridan soʻzlay ketdi:
— Ziyj tuzmoq miloddan bir yuz oʻttiz toʻrt yil muqaddam rasm boʻlgan. Yunon allomasi Guparxu Aqrob majmuasida tasodifan yorugʻ yulduzni koʻrib hayratdan yoqa ushlagan. Alloma majmuada ilgari bu yulduzni sira uchratmagan ekan. Gavhari anjumda bir koʻrinib, bir koʻzdan yoʻqoluvchi falak boshoqlarini nazardan qochirmaslik uchun u ziyj tuzmoqni rasm qildi. U ziyjiga besh yuz yulduzni jamlab, yorugʻlik darajalarini oltiga boʻldi. Shundan soʻng falakiyot ilmining akobirlari bu ziyjga oʻzgartishlar kiritdilar. Batlimus, Nasriddin Tusiy, Muhammad al-Batoniy, Abdurahmon Soʻfiy kabi allomalar ziyj ganjiga nodir gavharlar qoʻshdilar. Oftob va boʻlak sayyoralarning taqvimini kuzatib borib, hikmat egasi boʻlmish Nasriddin Tusiy tuzgan «Ziyji jadidi Elhoniy»dagi hamda Abdurahmon Soʻfiy risolasidagi oftob va boʻlak sayyoralar taqvimida yoʻl qoʻyilgan tafovutlarni inobatga olib, Ollohning hukmi bilan, biz ham ziyj tuzmoqqa bel bogʻlab, Tangrining marhamati bilan muddaoga erishdik. Ziyjda bir ming oʻn sakkiz yulduzning oʻrnini belgiladik. Abdurahmon Soʻfiy risolasidagi sakkiz yulduzni hamon izlamoqdamiz. Harakatimiz to shu kunga qadar samara bermadi. Mavlono Soʻfiy ushbu yulduzlarni oʻzlari koʻrmay, Batlimusdan olganlar. Inshoolloh, uning oʻrnini belgilash bizga nasib etur.

Sovuq sabab boʻldi shekilli, Ulugʻbek bu kungi darsini qisqa qildi. Talabalardan «anglay olmagan fikrlarni qayta soʻranglar», deb sukut saqladi. Soʻrovchilar chiqavermagach, Shamsibek oʻrnidan turib qulluq qildi.
— Qulogʻim senda, — dedi Ulugʻbek undan savol kutib.
— Shahriyorim, sizga bir narsani koʻrsatish niyatida edim. — Shamsibek shunday dedi-da, matolardan birini olib, Ulugʻbekning oyogʻi ostiga qoʻydi.
— Nima bu? — dedi Ulugʻbek.
— Kaminaning ojizalari toʻqigan ekanlar, maqbul boʻlarmikan, deb olib keldim.

Chaqqonroq ikki mulozim uni olib, shahriyor qarshisida ochdi. Ulugʻbek bir matoga, bir Shamsibekka, soʻng yana matoga tikildi.
— Ajab, bu falak-ku! — dedi u hayrat bilan. — Bu rasad devorlaridagi falakning tasviri-ku! Kimning ishi bu? Ojizamniki, dedingmi?
— Ha, shahriyorim.
— Shunday moʻ’jizani yaratgan iqtidor egasini ojiza demoqlikka qanday tiling aylandi? Mashoyixlar:

«Onangdan bosh tovlama, oshmasin dardi,

Hayot toji erur oyogʻin gardi!» — demish ekanlar. Uqdingmi?
— Gunohkorman, shahriyorim.
— Ayollar ham Xudoning bandalari. Sen kabi iqtidor egalarini yaratar ekanlar, nechun oʻzlari «ojiza» yoinki aqli noqis boʻlsinlar?! Mana bu falakka qaranglar, — Ulugʻbek endi atrofdagilarga murojaat qildi. — Biz bu yulduzlar oʻrnini topmoq uchun necha tunlar mijja qoqmadik. Nebaxtkim, falakiyot ilmini kulbaxonadagi ayol chaqib koʻrsa. Ular ham ilmdan xabar topsa. Kurrai arz aylanadi, deganda, «astagʻfirulloh!», deb yoqa ushlamasa... Zavjangga rasadxonani qachon koʻrsatib eding?
— U kishi koʻrmaganlar. Men hikoya qilib berib edim.
— Nur a’lo nur. Koʻrmay-ki, shunday moʻ’jiza yaratibdimi, sharaf unga. Sen kunduzi uni olib kel. Rasadni koʻrsat. Qizlarni yoniga olib shunday falak tasvirlaridan tiksin. Farmonim shul: rasad ahli, saroy ahli, madrasa ahliga yetib ma’lum boʻlsinkim, Shamsibek Ismoil oʻgʻlining zavjasi tikkan falak tasviri barchaning uyida boʻlmogʻi darkor. Rasad ahli, saroy ahli, madrasa ahli bu falaklarni bozordan sotib olishga majbur. Falakni fuqaroga koʻrsatmoq, tanitmoq maqsadida u faqat bozorga olib chiqilsun!

Ulugʻbek gap tamom, deganday ishora qilgach, talabalar ta’zim bilan chiqa boshlashdi. Ulugʻbek Shamsibekni saroyga olib ketdi. Dorulshafaqa qurilishi va xazinadagi ishlarni surishtirdi-da, dedi:
— Bilishimcha, oʻtgan oy Baytul-hikma qanotiga Xorazmdan kelgan tabib xastalik tarqatuvchi insu jins bilan oʻzini emlab betoblanibdi.
— Ha, shahriyorim shunday boʻldi.
— Oʻz-oʻzini xasta qilmoqdan muddaosi ne ekan?
— U xastalikning boshlanish onlarini bilib, shifo izlashni niyat qilib edi.
— Shifoga umid bormi?
— Xudo xohlasa, yaqin kunlar ichi oyoqqa turur. Dardi u qadar ogʻir emas.
— Shifo topgani hamon huzurimga keltirursan. Boʻlak hakimlarga mening farmonimni yetkaz: xorazmlik tabib singari insu jinslarni sinab koʻrish jazo bilan taqdirlanur.
— Shahriyorim, bir arzim bor, — dedi Shamsibek qulluq qilib.
— Gapir.
— Birinchi bor suhbatingizda boʻlganimda falakdagi oʻzgarishlar kurrai arzga ta’sir koʻrsatadi, deb edingiz.
— Ha, shunday.
— Ma’lumingizki, Andijondan qaytar mahalimiz Gʻanimurod ismli purdil yigitni olib kelib edik. Nojinslar mayib qilganini aytib ham edik.
— Yodimda bor. Qamariddin uning tuzalib maydonga chiqishini kutyapti chamamda.
— Afsuski u maydonga tusholmaydi.
— Sabab?
— Sababi, u qorason xastaligiga mubtalo boʻlgan. Xastalikning birdan bir shifosi — oyoqni kesish. Boʻlak shifo tabobatga qorongʻu. Biroq, xayolimga bir fikr kelib edi.
— Qanday fikr?
— Falakda boʻladigan katta oʻzgarishlarni bilsam. Shu kuni dori tayyorlab, muolaja qilsam.
— Qaysi oʻzgarishlardan aytasan, falakda oʻzgarish moʻl.
— Aytaylik, xusuf kuni yoki quyosh tutiladigan kun. Shu onlarda havo tarkibida oʻzgarish boʻlmasmikan? Boʻlsa, dori va malhamga ta’sir etmasmikan?
— Fikringda jon bor. Bu kunlar ummonda toʻfon koʻtarilishi, boʻron boʻlishi, qattiq shamol esishi, sel kelishini koʻpdan aytadilar. Ajab emas, tabobat ham oʻzgarish sezsa. Hamalning oʻn biri xusuf kuni boʻladi. Ammo bu damda sen toat-ibodatda boʻlishing zarur-ku?!
— Raiyat uchun mening toat-ibodatimdan koʻra tabobatdagi ishim koʻproq naf berarmikin? Qolabersa, kurrai arz aylanadi, dedingiz. U holda Oyning yorishmogʻi mening ibodatimga muhtoj emas.

Ulugʻbek yigitning javobini eshitib, jilmaydi.

Ishonch

Jahongir daftarni yopib oʻrnidan turdi. Derazani ochib yubordi. Salqin togʻ havosi ichkariga ufurib kirdi. Tun yarimlagan. Oromgohda sokinlik hukmron. Uning uyqusi oʻchgan, yotgani bilan bari bir koʻzi ilinmas edi. Shuning uchun «Qorovul ota bilan bir otamlashay», deb choynakni koʻtardi-da, tashqariga chiqdi. Yelvizak turib eshikni taraqlatib yopdi. Peshayvon panjarasiga suyanganicha sigaret tutatayotgan kishi shu tomonga qaradi. Jahongir geliobiologiya sohasida ishlovchi bu olimni tanir, uning astronomiya bilan meditsinani chogʻishtirgan holda olib borayotgan ilmiy tadqiqotlaridan xabardor edi.
— Ahmad Zokirovich, hali ham uxlamabsizda, — dedi Jahongir unga yaqinlashib. — Yo osmondagi oʻzgarishlarni kuzatyapsizmi?
— Yoʻq, osmon hozir tinch. Uyqum qochdi. Oʻzlari choynak koʻtarib qolibdilar?
— Qorovul ota bilan bir otamlashay, yuring siz ham.
— Men yaqinginada choy damlab suhbatdoshga xumor boʻlib turuvdim. Bu yoqqa marhamat qila qoling.
— Geliobiologiya olamshumul kashfiyot boʻsagʻasida turganga oʻxshaydi, — dedi Jahongir ichkari kirgach.
— Nimaga unday deyapsiz?
— Olim tunni bedor oʻtkazdimi, demak, bir gap bor.
— Yoʻq, bedorlikning sababi boshqa. Oqshomda soy boʻyida bir kishi bilan bahslashib qoldim. Meditsinaga oid kitoblarni oʻqib oʻzida oʻn ikki xil kasallik borligini «kashf» qilibdi. Oʻzini bilagʻon qilib koʻrsatib vrachlarni ayblamoqchi boʻldi. Nima emish, vrachlar uning oʻn uchinchi kasalligiga diagnoz qoʻyisha olishmayotganmish.
— Odamlar ham qiziq, — dedi Jahongir kulimsirab, — kasallik sal choʻzilsa yo ogʻirlashsa vrachni aybdor qila boshlashadi.
— Qars ikki qoʻldan chiqadi. Qani, Jahongir Alievich, marhamat qilsinlar, — mezbon shunday deb choy uzatdi-da, shirinlik va non burdalari ustiga yopilgan oq sochiqni olib, gapini davom ettirdi. — Meditsinaning bu qadar tez taraqqiyoti muhim muammolarni koʻndalang qilib qoʻyyapti. Vrachlarning ishi tobora ogʻirlashib, mas’uliyatlari ortyapti. Koʻpchilik meditsinaga ishonib, kasallik bilan yuzma-yuz kurashib, yengib chiqish qudratidan mahrum boʻlib borayotganini anglamayapti. Ayniqsa, oqshomgi suhbatdoshimga oʻxshagan «bilimdon»larning koʻpayishi xavfli.
— Kasalning xili ham mingdan oshgandir?
— Oʻn ming deyavering.
— Shunga yarasha meditsina texnikasi taraqqiy etyapti-ku?
— Hamma ogʻirlik shunda-da! Ilgarilari vrach bemorning qon bosimini oʻlchab, yurak urishini tinglab, taxminan boʻlsa ham diagnoz qoʻyib, darhol davolashni boshlardi. Endi ahvol butunlay oʻzgardi. Avval vrachning oʻzi xastani turli yoʻsinda tekshirib koʻradi. Soʻng maslahat uchun boshqa sohadagi hamkasblariga yuboradi. Ular ham bemorni turli maqomga solishib, obdan tekshirishadi. Asosiy vrachning xonasiga kasallik toʻgʻrisidagi axborotlar oqib kiraveradi-yu, diagnoz ba’zan haftalab noaniq boʻlib qolaveradi.
— Vrach oʻz bilimi, mahoratiga nisbatan koʻproq texnikaga ishonib qolgan, deng?
— Afsuski, shunday. Natijada bemorning vrachga boʻlgan ishonchi ham yoʻqolishi mumkin.
— Davolashdagi eng muhim dori yoʻqolar ekan.
— Ha-da! Bemor vrachga ishonmasa, davodan umid qilish qiyin. Undan tashqari ishonchsizlik tez tarqaladigan yuqumli kasal. Soy boʻyidagi suhbatdoshimga ham shu kasal ilashgan. Eski tabiblarni qoʻmsab, ta’riflab oʻtiribdi.
— Xalqdan chiqqan tabiblarni butkul inkor etib, menimcha notoʻgʻri ish qilyapsizlar. Ularning aksariyatidan oʻrganish mumkin edi. Onamning aytishlaricha, olti oyligimda hayotimni bir tabib ayol saqlab qolgan ekan.
— Jahongir Alievich, siz — yigirmanchi asrning professoridan shunday gap chiqishini kutmagan edim.
— Yoʻq, bu oldi-qochdi gap emas, ishonavering. Aytishlaricha, ikki kun onamni emolmay soʻlib qolgan ekanman. Vrachlar yuqumli kasal deyishibdi. Shunda dadam bir kishining gapiga kirib, meni dalada turadigan bir ayol tabibnikiga olib boribdilar. Tabib piyoz oʻtoq qilayotgan ekan. Voqeani dadamdan eshitib, «Qani, ogʻzini oching-chi», debdiyu oʻsha zahoti barmogʻini tiqib, tomogʻimdan olma poʻchogʻini olib beribdi. Butun kasalligimga shu poʻchoq sabab ekan. Tabiblar haqida bunday ibratli hikoyalar koʻp. Hatto azayimxonlardan ham...
— Oʻrganish mumkin. Lekin ularning usuli biz erishgan yutuqlarga munosib emas. Ancha orqada. EHMlarning meditsinada tutgan oʻrni qadimgi usullarni oʻrganishga ehtiyoj qoldirmaydi. Geliobiologiyaning tarixini qadimda osmondagi oʻzgarishlarga qarab kasallik tarqalishini bashorat qiladigan munajjimlar bilan bogʻlashadi. Lekin bu fanga ana oʻshalar asos solgan deyishimiz, ularning usulini qoʻllashimiz notoʻgʻri-da. Bugungi geliobiologiya aniq dalillarga suyanadi.

Jahongirning koʻz oldiga tajriba yakunlari keldi. Geliobiologning soʻzlari Shamsibek boshlamoqchi boʻlgan davolash usulini yodiga soldi. «Demak, Shamsibekning usuli shunchaki emas, ham mantiqan, ham ilmiy asoslangan faraz. Tajriba tugagach, uning natijasini geliobiologlarga ham ma’lum qilish kerakka oʻxshaydi...» Jahongir shularni xayolidan oʻtkazib, suhbatdoshining soʻzini boʻldi:
— Ahmad Zokirovich, men bu borada siz bilan bahslasha olmayman. Qani, choydan quying, — dedi u piyolani uzatib. — Lekin menimcha, EHM vrach bilan bemor oʻrtasida qora tikanak boʻlmay, ularning qatorida turishi kerak. Chunki eng yuksak texnika ham faqat vrachning tahlillash idrokini toʻldiradi, unga yordam beradi. Asrlar oʻtavergani bilan bemorlar vrachdan maslahatgina emas, tasalli kutish xislatlarini yoʻqotmaydilar.
— Bu gapingiz oʻrinli. Hatto oʻzim ham ba’zan tasalliga muhtoj boʻlaman.
— Choy uchun ham, suhbat uchun ham tashakkur. Endi bir oz dam olaylik, — dedi Jahongir oʻrnidan turib. — Agar istasangiz, qimizxoʻrlikka olib borishim mumkin.
— Qaerga?
— Bu sir.
— Oʻrazboy choʻponnikiga emasmi?
— Obbo, faqat men bilaman deb, kerilib yursam-a?
— Biz quyoshdagi oʻzgarishlarga qarab bilib olamiz-da.

Hazil-mutoyiba tugagach, Jahongir oʻz xonasiga kirib yotdi. Peshinda farrosh xotin unga telegramma keltirdi. «Dadajon, men yengib chiqdim. Ishimni davom ettirishga ruxsat berildi. Akademik Javdod Nusratovni ilmiy rahbar qilib tayinlashdi. Oʻgʻlingiz Jamshid».

Jahongir yengil tin oldi.

«19.. yil, 11 iyul. OʻzFA Biofizika ilmiy-tekshirish instituti. Professor Alievning tajribaxonasi.

Soat 12.00. Tajribaning yettinchi bosqichi boshlandi. Professor oʻzini yaxshi his qilyapti. Fanlar akademiyasidan tajriba xulosalari haqida ma’lumot soʻrashdi. Professor hozir hech qanday ma’lumot berolmasligini aytdi.

Soat 17.40. Boshqaruv murvatlarining yuqorisidagi qizil chiroqlar birin-ketin yona boshladi. Bu tajribaning tugaganidan dalolat. Xonaga professorni tabriklagani hamma toʻplandi. Lekin u «Keyin, keyin», deb chiqib ketdi. Toʻrt kundan soʻng tajriba xulosalarining tahlili boshlanadi».

Qotillik (kundalikning soʻnggi sahifasi)

Ulugʻbekning farmonidan soʻng Mahfuza besh-olti chogʻli qizlarni qanotiga oldi. Falakning xaridorlari koʻpayib, narxi oshib ketdi. Falak savdosi shahriyorning farmoni bilan boʻlayotgani va chiroyli gilamdan qolishmasligi sababli, kimdir davlatpanohning koʻziga yaxshi koʻrinmoq, kimdir bahonada uyini bezatmoq, yana kimdir qizining sepiga qoʻshmoq uchun bir emas, bir nechtalab sotib olardi. Shahriyor xayol qilganicha falakning barcha uylardan joy olishiga imkon yoʻq edi. U ahli manoldan ortmay qoldi. Dastlab shov-shuv koʻtarib «Bu falakning tasviri ekan», deganlari unutilib, uni oddiygina «Falak», deb ataydigan boʻldilar.

Falak talash boʻlgan bozor kunlarining birida Shamsibekning yoʻlini Abdulvahob toʻsdi. Salom-aliksiz koʻz urishtirdilar.
— Men pirimning istaklari bilan Buxoroi sharifga ketyapman, — dedi Abdulvahob.
— Siz uyingizga ketsangiz boʻlardi.
— Bu gapni men sizga aytmoqchi edim.
— Men volidaynning rizoligi bilan kelganman.
— Volidayn rizo demoqlik, Xudo rizo degan gap emas. Shariatga shak keltirib, nojinslar etagini tutyapsiz. Zavjangiz ham insu jinslar vasvasasiga tushibdi. Bu yoʻldan qaytmasangiz Olloh-taolo qahriga duch kelasiz. Xusuf kuni Haq-taologa yolborib, gunohingizni soʻrangu uyingizga qayting...

Abdulvahob shunday deb nari ketdi. Shamsibekning koʻngliga gʻashlik tushdi. Yoʻq, u Abdulvahobning vasvasasidan choʻchimadi. Hamqishlogʻiga achindi.

Ertadan keyin xusuf kuni — oy toʻla tutiladi. Shamsibek ustodlari qilolmagan ishni shu tun sinab koʻrmoqchi. Abdulvahob esa toat-ibodatga undayapti. Unga tushuntirib boʻlarmidi? Darvoqe, tushuntirish shartmi?

...Qosh qoraydi. Shamsibek Gʻanimurod bilan tashqi hovlida, Mahfuza esa ichkarida kichkintoyini oʻynatish bilan band edi. Shamsibek dam-badam osmonga qaraydi. Toʻlin oy hovli ustiga koʻtarildi. Yengil shabada esdi. Osmonga katta nurli chegara chizgan oyning magʻrib tomoni qizardi.

Shamsibek shunda gulxan yoqib malham tayyorlashga kirishdi. Oyning yarmi qizarganida taraq-turuq ovozlari eshitila boshlandi. Koʻp oʻtmay, Oyning butun sathi qonga boʻyalganday boʻldi. Osmon odamning vahmini keltiradigan darajada qon tusiga boʻyaldi. Bu damga kelib azon, dod-voy, nola, Qur’on oyatlari, taraqlagan qozon-chelak ovozlari bir-biriga qorishib ketgandi. Samarqand ahli jam boʻlib dunyoni qiyomat-qoyimdan saqlab qolish harakatiga tushgan edi. Oy xiyla vaqt tusini oʻzgartirmadi. Shovqin-suron avjiga chiqdi.

Bu davrda malhamni tayyorlagan Shamsibek Gʻanimurod yotgan soʻrini gulxan oʻtiga yaqinroq surib muolajani boshladi. Mahfuza eshik tirqishidan qoʻrqibgina moʻralar, Shamsibek uning titroq ovozda pichirlab oʻqiyotgan duolarini eshitardi.

Bir zamon ularning koʻchalarida shovqin kuchaydi. Shamsibek toʻxtab qoldi. Qalandarlarning bor ovoz bilan baqirishlariga quloq tutdi. Ishni davom ettirishga chogʻlanganida, eshigi taraqlab ochildi.

Gulxan yorugʻida dastlab ogʻzidan koʻpik sachrayotgan Abdulvahobni koʻrdi. Uning ketidan yana tanish bashara koʻrindi. Shamsibek uni ham tanidi. U darvish libosini kiygan qozi edi.

Hovliga yopirilib kirgan qalandarlar jimib qoldilar. Ular bir oqarayotgan Oyga, bir gulxan yonida harakatsiz turgan Shamsibekka qarab asta bosib kela boshladilar. Ichkari uyda bolasini bagʻriga bosib oʻtirgan Mahfuza, gulxan yonida sogʻayib ketish umidi bilan yotgan Gʻanimurod va hatto Shamsibek ham bu lahzada xavotirga tushgan edi. Mahfuzani qoʻrqinch, Gʻanimurodni ilojsizlik hissi chulgʻagan, Shamsibek esa nima qilarini bilmay qolgan edi. U gulxan atrofini oʻrab olgan qalandarlar orasidagi Abdulvahobdan koʻz uzmay turardi.

Hamqishloq va saboqdoshlarning biri shu onda nochor, biri esa gʻolib kishining yashirin quvonchiga ega edi. Toʻqnashgan koʻzlar bir lahzada butkul nizolarga hukm chiqardi:
— Men qoʻlingizdan shunday ish kelar, deb oʻylamagan edim, — dedi Shamsibekning koʻzlari.
— Men esa qulay fursatni uzoq vaqt kutdim, — dedi Abdulvahobning koʻzlari.
— Siz hamqishlogʻingizga azobni ravo koʻrib, gunohga botasiz.
— Men saboqdoshimga qoʻl koʻtarmayman. Unga Tangrining gadolari jazo beradilar.
— Johillik idrokdan ustun boʻlmasligi lozim.
— Ammo idrok johillikka barham berolmaydi...

Bir-biriga qadalgan koʻzlarning lahzalik bahsi qozining baqirigʻi bilan uzildi:
— Musulmonlar! Bu gumroh iblislar bilan tillashib qiyomatni chaqiryapti!
— Iblisga oʻlim!

Shamsibek, boshiga qattiq narsa urilib, gangib qoldi. Juldur kiyimlilar uni oʻrtaga olib doʻpposlay boshlashdi. Uyda oʻtirgan Mahfuza dod deb, tashqariga yugurib chiqdi. Lekin Shamsibekka yaqinlasha olmadi. Chetda turgan qalandar uning yoʻlini toʻsdi. Mahfuza uni yonlab oʻtaman, deganda nimagadir qoqilib yiqildi. Boshiga qattiq narsa urilib, hushidan ketdi. Ichkaridan bolaning chinqirigʻi eshitildi.

Qalandarlar turishga intilayotgan Shamsibekni kaltaklashar, Abdulvahob bilan qozi bir chetda qarab turishar, ahyon-ahyonda nimadir deb baqirib qoʻyishardi. Shamsibek ur-sur orasida ham ulardan koʻzini olmas, oʻsha tomonga intilar edi. Peshanasidan oqqan qon koʻziga tushdi. Oyogʻidan jon chiqib ketganday boʻldi. U gʻira-shirada qozining soʻriga yaqinlashganini, Gʻanimurodni gulxanga itarib yuborganini koʻrdi. Oʻsha tomon intildi-yu, lekin a’zolari harakatga kelmadi. Dimogʻiga kuygan et isi urildi.

Koʻz oldiga qoʻlida non tutgan volidai jahoni, ostona tuprogʻini xaltachaga solib bergan volidi, qoʻlchasini silkitib yuguradigan doʻmboq oʻgʻli keldi.

Xotima

Kundalikning soʻnggi jumlasiga nuqta qoʻygan Jahongirning butun charchoqlari oʻz-oʻzidan tarqaganday boʻldi. Tashqariga chiqdi. Shiypondagi billiard stoli atrofiga toʻplangan odamlar orasidan Ahmad Zokirovni topdi.
— Qimizxoʻrlikka bormaymizmi? — dedi uni chetga tortib.
— Ammo koʻnglimdagi gapni aytdingiz. Men hozir kiyinib chiqaman.

Oradan oʻn daqiqa oʻtmay ular safarga hozir boʻlishdi. Oromgoh darvozasiga yaqinlashishganda Jahongirning koʻzi togʻavachchasiga tushib toʻxtab qoldi. Ta’bi tirriq boʻldi. Shu damda uni koʻrishga sira toqati yoʻq edi. Endi nima qilish kerak? Orqasiga qaytay desa, hamrohidan istihola qiladi. Gap chuvalashadi. Undan tashqari Akbar deganlari qarindosh-urugʻ u yoqda tursin, butun shaharga istagan igʻvosini tarqatishi mumkin. Oldinga yuraveray desa... «Ke, nima boʻlsa boʻldi. Bir ogʻiz soʻz aytaman, tamom! Shunga ham oʻzimni qiynab yuramanmi...» Jahongir shu qarorga kelib yoʻlida davom etdi. Darvozaga yaqinlashgach... koʻngli yorishdi. Moʻylovli kishi Akbar emas, faqat sirtdan oʻxshar ekan. Uning vujudiga qaytgan yengil ruh gʻayratini oshirdi.

Ular ikki dovonni oshib oʻtishgach, daraxtzorlar orasida zoʻrgʻa koʻzga chalinadigan soʻqmoq boʻylab oʻng tomonga yurishdi. Shu soʻqmoq sara qimizi bilan dong taratgan choʻpon oʻtoviga olib boradi.

Choʻqqilar ortida momiq bulutlar koʻrindi. Togʻ xuddi chilim chekib tutun burqsitayotganga oʻxshaydi. Uzoqdan sharsharaning ovozi kelyapti. Pastda telba daryo buralib oqyapti. Bir oz yurib, irmoq boʻyiga chiqishdi. Suv bahaybat toshlarga bosh urgancha, maydalarining yuzini silab, katta daryoga qoʻshilish uchun oshiqadi. «Shoshsa-shoshmasa suvning yoʻli bir, — deb oʻyladi Jahongir irmoqqa qarab borar ekan.— Insonning hayoti ham shunga oʻxshaydi. Odam qancha shoshmasin, yuragiga tuggan ishlarning barchasini toʻla bitira olmaydi. Inson ham hayotda orqasiga qaytish huquqidan mahrum. Odam buni bilsa ham oʻzini bilmaganga soladi. Xatoga yoʻl qoʻysam, keyin tuzataman, deydi. Masala oppa-osonga oʻxshaydi. Biroq, xatoni tuzatish uchun ketgan umr hisobga olinmaydi. Agar odamlar umr boʻyi bironta xatoga yoʻl qoʻymay yashasalar nima boʻlardi?.. Nima boʻlishiga aqlim yetmaydi. U holda balki hayot zerikarli boʻlib qolar...»

Soʻqmoq chapga burilib, irmoq oʻng tomonda qoldi. Tepalikda odamlarning qorasi koʻrindi. Bir oz yurishgach, kichik sayhonlikda bir toʻp yosh yigit-qizlarga koʻzlari tushdi. Yigitlarning biri besh qarichlar chamasi keladigan jonsiz ilonni ushlab olgan, qolganlari yerga tikilgancha nimanidir tomosha qilishardi. Ular oʻzlariga yaqinlashgan ikki yoʻlovchini sezishmadi. Yoshlarning diqqatini tortgan narsa — uzunligi jimjiloqday, yoʻgʻonligi qalamday keladigan, yerda tipirchilab yotgan ikkita ilon bolasi edi.
— Bu urgʻochisi boʻlsa kerak, — dedi oʻlik ilon ushlab turgan yigit.
— Erkagi ham bordir?
— Balki shu atrofda yurgandir...
— Ilonlar qasoskor boʻladi, deyishadi.
— Qoʻrqmanglar, bu ilon zaharli emas, — yoshlar ovoz kelgan tomonga qarashdi. Ahmad Zokirov esa soʻzini davom ettirdi. — Buni oʻldirib chakki qilibsiz.
— Biz zaharli deb oʻylabmiz.
— Hatto zaharligini ham oʻldirmaslik kerak. Tabiatda har narsaning oʻrni, vazifasi bor. Biror joy boʻshab qolsa, uning oʻrnini boshqa hech narsa toʻldira olmaydi. Bolalarini daraxt panasiga olib qoʻyinglar.— Ahmad Zokirov shunday deb, hamrohiga yuring, deganday ishora qildi.
— Tabiatni faqat kitoblardan oʻqib bilishadi-da,— dedi Jahongir yoshlardan uzoqlashishgach.
— Shu kitoblarni chuqurroq oʻrganishsa ham koshki edi. Tabiatda necha ming xil oʻsimlik, necha ming xil hashoratu jonivor bor. Oʻylab koʻrilsa, bularning hammasi inson uchun xizmat qiladi. Insoniyat ularning qanchasidan ayrildi. Bu — qancha dori, qancha malhamdan bebahra qoldi, degan gap.
— Qoʻriqxonalar vujudga kelib, qirgʻinning yoʻli toʻsilarmikin?
— Oʻsimlik bilan jonzotlarni faqat johil odamlardan emas, tabiatning oʻzidan ham himoya qilish kerak.
— Quyoshu yulduzlardagi oʻzgarishlar bularga ham ta’sir koʻrsatadi, deng?
— Boʻlmasam-chi? Eng oddiysi, havo past kelsa daraxtlarga shira tushadimi? Yogʻinning koʻp boʻlishi osmon jismlaridagi oʻzgarishga bogʻliqmi? E, Jahongir Alievich, hali qiladigan ishlarimiz koʻp. Bir muammoga javob topsangiz, ikkitasi koʻndalang boʻlib turadi.
— Ahmad Zokirovich, tabiatdagi oʻzgarishlarning farmatsevtikaga ta’siri shu topgacha sinab koʻrilganmi?
— Masalan, qaysi oʻzgarish?
— Aytaylik, quyosh, oy tutilishining dori yoki malham tayyorlash jarayoniga ta’siri boʻlmasmi- kin?
— Shunday faraz bor. Ammo bu ogʻir masala. Nega farmatsevtikaga qiziqib qoldingiz?
— Oʻzim, shunchaki...

Jahongir bu savolni berishni aslida oromgohda oʻylagan, mavrid kelishini poylayotgan edi. Uni Shamsibek boshlagan tajribaning nihoyasi qiziqtirar edi. Geliobiolog savolga qisqa javob qilgach, Jahongir gapni boshqa tomonga burishga majbur boʻldi. Ular to choʻpon oʻtoviga borgunlariga qadar ilmda muammolar xususida soʻz ochmadilar.

Begona odamlarning yaqinlashganini sezgan it bir hurdiyu tindi. Aftidan u qimiz istab keluvchilarga koʻnikib qolgan, oʻzining sergak turganini sezdirib qoʻyish uchungina vovillardi.

Jahongirdan uch-toʻrt yosh katta boʻlgan, ammo koʻrinishi baquvvat choʻpon oʻtovida bir qimiz ichgan odamni xotirida yaxshi saqlar, keyingi safar kelganida iliqroq kutib olardi. Lekin bu gal nima uchundir odatini kanda qildi. Choʻpon chordana qurgan mehmonlar yoniga sirlangan togʻorada qimiz va choʻmich keltirib qoʻyib, oʻzi ham oʻtirdi.
— Xafa koʻrinasizmi? — deb soʻradi Jahongir qimizni shopira turib.
— Bugun nihoyatda xunobim oshdi, uka, — dedi choʻpon kigiz qalpogʻini tizzasiga olib. — Bola-chaqam katta boʻldi, endi rohatini koʻraman, degan vaqtingda tashvishdan qutulolmay qolarkansan.
— Bolalar xafa qildimi?
— Endi tushunmaydi-da, nima deysiz, oʻzi-ku xafa qilish niyati yoʻq, lekin oʻjar. Kenjam bultur maktabni bitirib, shaharda oʻqiyman, dedi. Havasmand boʻlsang boraver, dedim. Bordi. Lekin oʻn besh kundan keyin ikki qoʻlini burniga tiqib qaytib keldi. Adabini yegandir desam, yana oʻqiyman, deydi. Bu daydi yurishida odam boʻlmaydi, deb qoʻrqaman. Qoʻliga kitob olganini koʻrmayman. Axir kitobga qayishsa, shaharda oʻqiydi-da!
— Oʻgʻlingiz shu yerdami? Balki chindan ham oʻqishga ixlosi balanddir? — dedi Ahmad.
— Be, ixlos qayda? Oʻrtoqlariga havas qiladi. Hali spravka olgani idoraga ketuvdi. Sizlar olim odamsizlar, bir nasihat qilib qoʻyinglar.
— Nasihat qilsak qiziq boʻladiyu, — dedi Jahongir kulib.
— Nega?
— Olim boʻla turib yosh yigitchaga oʻqima, desak kulmaydimi? Sizga bir yigitcha kelib choʻpon boʻlaman, desa yoʻldan qaytarmassiz?
— Endi uka, bizning yoʻrigʻimiz boshqa. Qimizdan iching, hadeb shopiravermang. Gapning poʻstkallasini aytsam, oʻsha yigit jonivorlarning tilini bilmasa, toshingni ter, deyaveraman. Sizam aytovring. Na u yoqlik, na bu yoqlik boʻlmaydigan shogirdlarni nima qilasiz? Hayron boʻlyapsiz-a? Yoʻq, oʻgʻlimni yerga urmoqchi emasman, yaxshi bola, lekin olim boʻladigan siyoqi yoʻq.
— Xoʻp, nasihat desangiz, qochmaymiz. Ammo bir sinab koʻraylik. Balki olim boʻladigan qobiliyati bordir.
— Qani edi...
— Ilgarilari odamlar bolalariga pul sarflab, majbur qilib oʻqitishar ekan, endigi ahvolni qarang,— dedi Jahongir hamrohiga qarab. Ahmad Zokirov javobga ogʻiz ochishga juftlashga ulgurmay, gapni choʻpon ilib ketdi:
— Qaysi paytlarni aytyapsiz?
— Masalan... — Jahongirning koʻz oldiga Abdulvahob keldi. — Masalan, bundan olti yuz yil oldin.
— E, otam zamonidagi gapmi. U paytlarda madrasani bitirgan odam olimlikka chogʻi kelmasa, bizga oʻxshagan omi xalqning miyasini achitib yuravergan. Endi institutni bitirsa-yu, kalla oʻrnida oshqovoq boʻlsa. Kelib menga aql oʻrgatadimi? Burnogʻi yili shunaqalarini koʻrganman. Sizga oʻxshagan bir domla sochi oʻsgan bolalarni olib kelibdi. Mening otarimda «amaliy saboq» olisharmish. «Necha yil oʻqishdi bu bolalar», desam, domlasi, «besh yil. Bu yil oʻqishni tugatishadi», deydi. «Uch-toʻrt oydan keyin menga oʻxshagan choʻponlarga aql oʻrgatar ekan-da, qani, bir sinab koʻray», dedim. Koʻnishdi. Bir yigitdan «Qoʻyning yoshini qanday bilish mumkin?» deb soʻradim. «Shaxsiy daftarchasidan», dedi. «Agar daftarcha yoʻqolgan boʻlsa-chi, menga oʻxshagan betartib choʻpon daftarcha saqlaydimi?» dedim-da, ikki yoshli qoʻyni koʻrsatdim. U qoʻyning ogʻzini ochib koʻrib «qari ekan, yuqori jagʻida tish qolmabdi», deydi...

Ahmad Zokirov choʻponning bu gaplarini eshitib kulib yubordi.
— Obbo, azamat, toza boplabdi-ku, — dedi u oʻzini kulgidan toʻxtatolmay.

Jahongir bu kulgining ma’nosiga tushunmay soʻradi:
— Nima, qoʻyning yuqori jagʻida umuman tish boʻlmaydimi?
— Siz ham tuzuksiz-ku, Jahongir Alievich!
— Endi bu kishining yoʻrigʻi boshqa. Shaharda oʻsgan. Boʻlak ilmga oʻqigan. Menga kelgan bilagʻonlarni qarang. Shular oʻqib nima karomat koʻrsatadi? Mening oʻgʻlim ham shu koʻyga tushsa nima qilaman? Uyatdan yerga kirib ketmaymanmi? Bolaning olgan ilmi dasturxonga qoʻyishga yaroqli yaxlit nonga oʻxshasa, toʻrvadagi burdalangan qattiq-quruq non boʻlmasa, deyman-da... Qimizdan ichinglar. Ogʻrimagan boshlaringizni ogʻritavermay otardan xabar olib kelay. — Choʻpon shunday deb oʻrnidan turdi. Shu ketganicha ikki soatdan soʻng qaytdi. Mehmonlar uning oʻgʻlini kutib bir oz mizgʻib ham olishdi.
— Qishloqda qolganga oʻxshaydi, — dedi choʻpon xijolat boʻlib. — Mana shunaqa parvoyi palak bola-da...
— Endi keyingi safar kelganda gaplasharmiz.
— Ertaga oromgohga tushirib yuboraymi?
— Maylingiz. Agar men boʻlmay qolsam, Ahmad Zokirovichni topadi.

Ular oromgohga oqshomda qaytishdi. Jahongirning koʻzi eshik oldida turgan uch kishiga tushdi. Sal yaqinlashib, oʻgʻlini, Sulton bilan Toʻlqinni koʻrdi. Doʻstlari quchoq ochib soʻrashib, tajribaning muvaffaqiyatli yakunlangani bilan tabriklashdi. Jamshid otasini qanday qutlashni bilolmay, hayron boʻlib turganida Jahongirning oʻzi uni quchoqlab oʻpdi.

Toʻrtovlon uning moʻ’jaz xonasida davra qurishdi. Sulton Buloqboshidagi ekspeditsiya boshqa qimmatli ma’lumot toʻplay olmagani, Toʻlqin esa elalloma toʻgʻrisidagi maqolasiga mingga yaqin xat olgani haqida gapirdi. Ularning gapi adoqsiz ekanini payqagan Jahongir: «Toʻxtanglar endi, oʻgʻlim bilan soʻrashib olay», dedi. Keyin oʻgʻlining yelkasiga qoʻlini qoʻyib soʻradi:
— Xoʻsh, qanday yangiliklar bor?
— Akbarali aka yana keldilar. Sizga toʻn-doʻppi, xullas, boshdan-oyoq sarpo qilib keptilar.
— Olib qoldingmi?
— Yoʻq. Oʻzlari qaytganlarida olib kelasiz, dedim.
— Yaxshi qilibsan. Telegrammangni olgandim. Ishlar davom etyaptimi?
— Siljiyapti...
— Xoʻsh, oʻzing biz uchun qanday xotiralar toʻplading? — dedi Toʻlqin ularning soʻzini boʻlib.
— Xotiralarning hammasi mana shu yerda, — Jahongir kundalikni koʻrsatdi. — Shamsibek ismli allomaning koʻrgan-kechirganlari, eshitganlarini toʻlaligicha yozib qoʻydim. Afsuski, elalloma Shamsibekning faqat oʻzi ishtirok etgan voqealarni tikladi. Uning oʻlimi bir oz mavhum boʻlib qoldi. Ayniqsa dafn marosimi toʻgʻrisida ma’lumot yoʻq.
— Toʻxta, toʻxta. Nimalar deyapsan?

Jahongir kulib yubordi.
— Voqeani xuddi senlar ham biladigandek gapirib oʻtiribman. Avval daftarga koʻz yugurtirib chiqinglar. Keyin gaplashamiz.

Barchalari tunni togʻ qoʻynidagi oromgohda oʻtkazdilar. Toʻlqin uxlamay Jahongirning kundaligini oʻqib chiqdi.
— Xoʻsh, oʻrtoq muharrir, «yosh yozuvchi»ning ijodiga qanday baho berasiz, — dedi Sulton ertalab nonushtaga toʻplanganlarida.
— Yomon emas. Chidasa boʻladigan, — dedi Toʻlqin doʻstining haziliga hazil bilan javob berib. Keyin Jahongirga qaradi: — Shularning hammasiga oʻzing guvoh boʻldingmi? Elalloma voqeani shundayligicha tiklay oldimi?
— Deyarli tiklab berdi. Ba’zi oʻrinlarda voqeaning mantiqiy davomini oʻzim qoʻshdim. Elalloma tiklagan voqealarda men birinchi shaxs sifatida ishtirok etdim. Yozishda uchinchi shaxs sifatida, chetda turib qogʻozga tushirdim.
— Nimaga?
— Tahlil uchun shu usul ma’qul boʻldi. Undan tashqari qanday yozishni koʻp oʻylashga fursatim ham yoʻq edi. Ertaga tajribaxonada xulosalarimni bayon qilaman. Katta tahlil boshlaymiz. Keyin miyani elektroddan xalos etib, yangi hujumga shaylanamiz.
— Bu endi ertaning ishi. Bugungi ishimiz gʻalaba bilan tugadi. Eng muhimi shu! — Sulton shunday deb doʻstlarini quchdi.

Bu damda quyosh togʻ choʻqqisidan koʻtarilgan, olam nurga choʻmib borardi.

1973