OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Tohir Malik. Iblis devori (qissa)
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiIblis devori (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
NashriyotШАРҚ нашриёт-матбаа концерни, Бош таҳририяти, 2006
Hajm347KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/12/7
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Iblis devori (qissa)
Tohir Malik

Muallifdan

Bir mamlakatga gʻanim hujum qilib, ikki aka-uka jangga otlanishibdi. Ular singillarini insof egasi hisoblangan bir tanishlariga qoldiribdilar. Qiz juda goʻzal ekan, u kishiga iblis vasvasa qila boshlabdi. Oxiri u odam gunohga botibdi-yu, “akalari kelsa nima deb javob qilaman?” deb qoʻrqibdi. Iblis “Qizni oʻldir-da, ogʻilxonaga koʻmib qoʻy, akalari kelganda “singillaring qochib ketdi”, deysan”, deb oʻrgatibdi. Shunday ham boʻlibdi. Akalar ajablanib turishganda iblis ularga boʻlgan gapni aytib beribdi, qiz koʻmilgan joyni koʻrsatibdi. Podshoh u odamni oʻlimga hukm qilibdi. Zinokor boʻyniga sirtmoq tashlanganida yana iblis paydo boʻlibdi. “Sen meni shu ahvolga solding!” debdi u odam nafrat bilan. “Sen mendan oʻpkalama, istasang seni oʻlimdan olib qolay. Shartim shuki, menga bir martagina sajda qilasan”. “Qanday sajda qilaman, boʻynim sirtmoqda-ku?” debdi u odam. “Sen menga sajdani niyat qil-da, boshingni men tomon egsang bas”, debdi iblis. Odam iblisning aytganini bajarib, boshini u tomon egib sajda qilgan ekan, sirtmoq tortilib, boʻgʻilib oʻlibdi - dunyodan iymonsiz ketibdi.

Ha, iblis barchani shunday vasvasaga solib, yoʻldan chiqarmoqni istaydi. Uning oʻz olami bor. Ba’zilar “toʻgʻri yashayapman”, deb oʻylashadi-yu, biroq, shaytanat olamiga kirib borayotganlarini, oqibat esa iblis sirtmogʻiga tushib qolganlarini sezishmaydi. Yozuvchi Tohir Malikning “Shaytanat” asari kitobxonlarni shayton boshqaruvchi olam bilan tanishtirgan edi. Soʻng “Shaytanatning turfa olami” turkumida “Murdalar gapirmaydilar” kitobi nashr etilgan edi. Bu asarlarda ashaddiy jinoyatchilar hayoti qalamga olingandi. Shaytanat - faqat qotillar yoki oʻgʻrilar olami emas. Iblis har bir odamning ruhini parchalab, oʻz olamiga tortishga urinaveradi, ya’ni insonning ma’naviy olamini bulgʻashga intiladi. Oqibatda kimlarningdir ma’naviy olami qashshoqlashadi-da iblis taqdim etgan olamga kirib boradi. Ammo u oʻzini zinhor jinoyatchi hisoblamaydi. Holbuki... ruhlarni azobga qoʻyish ham jinoyatdir.

“Bir qoringa siqqan bolalar bir hovliga sigʻishmaydi...” Bu maqolda qanchalar haqiqat bor? Ota-ona vafotidan keyin nima uchun farzandlar yuzkoʻrmas boʻlib ketadilar? Shaytanat olamiga kirib qolganlari uchun emasmi? Ota-onalari ruhi azob chekishini nechun oʻylamaydilar? Yozuvchi Tohir Malik mazkur yangi asarida siz, aziz kitob muhlislarini shu mavzuda bahs yuritishga da’vat etadi. Kitobga yozuvchining yangi yozgan hikoyalari bilan birga qayta tahrirdan chiqqan bitiklari ham jamlandiki, bularda ham iblis yetovidagi yoki undan nafratlanuvchi insonlar obrazi gavdalanadi.

Qissa

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Bizlarni inson qilib yaratgan va imon gavhariga musharraf etgan mehribon Alloh taologa behad hamdu sanolar boʻlsin!

Olamlarga rahmat boʻlib kelgan sevimli, mushfiq paygʻambarimiz hazrat Muhammad mustafoga salotu salomlar yoʻllaymiz. Assalomu alaykum, ardoqli kitobxon!

Shukrlarkim, mazkur kitob sahifalari orqali Alloh siz bilan diydor koʻrishmoqlikni nasib etyapti. Bu safargi gʻoyibona uchrashuvimiz barchalarimizni ba’zan oʻylantirayotgan, ba’zan esa tashvishga solayotgan mavzu - aka-ukalar munosabati xususida boʻladi., insha Alloh!

Siz kabi men ham bu masalada koʻp fikr yuritaman. Oʻzimga oʻzim koʻp savollar beraman, javobni esa yo topaman yo topolmayman.

...Insoniyat tarixidagi birinchi xusumat aka va uka orasida boʻldi.

...Birinchi qotillik ham shunday: Qobil ukasi Hobilning qonini toʻkdi.

Alloh! Alloh! Nahot bu yovuzlik to qiyomatga qadar Odam bolalariga meros boʻlib qolsa?! Oʻzing asragin, rahm egasi Allohim!

Yusuf alayhissalomning akalari ul Zotni oʻlimga topshirishni ixtiyor etdilar.

Alloh! Alloh! Odam bolalari nahot bu hodisadan ibrat olmaslar?! Tavfiq ber, karam egasi Allohim!

Kenja botirning akalari ham uning oʻlimini istaydilar. Ertaklar olami bu yovuzlik bayoniga bekorga oʻrin bermagandir.

Alloh! Alloh! Nodonlik tufayli tugʻiluvchi zulm nahot ertakdan hayotga koʻchishini toʻxtatmasa?! Vijdon ber aliym egasi, bilguvchi Allohim!

Qadimda ekinzoru bogʻlarni jonivorlardan ixota etmoqqa xizmat qilgan devorga endi iblis aka-ukalarni ajratish vazifasi yukladi. Loy yoki taxta devorlarga chidash mumkindir, ammo qalblarni qalblardan ajratuvchi nifoq devorlariga qanday chidaymiz?

Bayonimiz shuhaqda.

Bu asarni oʻqib, siz qahramonlar orasida balki oʻzingiz, balki aka yoki ukalaringizga oʻxshaganlarni ham uchratarsiz. Ajablanmang. Men bu asarni oʻz qusurlarimizni oʻzimizga koʻrsatib bera oluvchi koʻzgu boʻlmogʻini orzu etib yozdim. “Basharang qiyshiq boʻlsa, koʻzgudan oʻpkalama”, deganlaridek ogʻrinmasdan oʻzimizga qaraylik.

Umid ulkim, kim bunda oʻz aksini koʻrsa imon sari yuzlangay.

Yana umid ulkim, aka-ukalar orasidagi devorlar mahv etilgay, insha Alloh!

Mazkur asarda nobop oila hayoti misol sifatida olindi. Bundan hamma shunaqa ekan, degan notoʻgʻri xulosa chiqmasin. Allohga shukrkim, ahilligi bilan ibrat boʻluvchi fayzli oilalarimiz juda koʻp. Biz bu oilalar fayzini yanada barakali qilib berishini Allohdan soʻraymiz. Yana duolar qilamizki, iblis toʻrlariga burkanib qolgan oilalarning bu bandilikdan tezroq ozod boʻlishlarini, hidoyat yoʻliga kirib, ittifoqda yashamoqliklarini Allohnasib etsin.

Yo Rabbim! Sendan xayrli oqibat umid qilamiz.

Tun.

Qabriston.

Sukunat.

Foniy dunyoning azobu tashvishlaridan qutulib bunda yotganlarning oromini buzmaslik uchun shabada ham oralamaydi. Daraxtlarning barglari qaygʻuli jimlik hukmida oʻlimlarini kutadilar. Kuz oʻzining sovuq nafasi bilan ularning peshonalaridan bir-bir oʻpib, aldabgina jonini oladi-da, qabrlar uzra toʻshaydi.

Subhi kozibda qabriston bir oz qoʻrqinchli, shuning barobarinda bir oz ajablanarli manzara chodiriga oʻraladi. Qay bir qabr tepasida shaffof nur, qay biri ustida kirlangan dud koʻrinadi. Dud oʻrlayotgan qabr ostidan hasratli ovozlar keladi:

-Dadasi, bolalarimiz nega bemehr boʻlib qoldilar?

-Bilmayman, onasi.

-Yuzkoʻrmas boʻlib ketishsa-ya?

-Endi kech, onasi...

-Bir qoringa siqqan, katta hovliga sigʻishmaydimi?

-Taqdir shu ekan, onasi.

-Taqdir? Goʻrdagi azoblarimiz kammidi? Agar hovlini ikkiga boʻlib devor olishsa ruhimiz battar nimta-nimta boʻlmaydimi?

-Taqdir, onasi... bizning mukofotimiz shu ekan...

Goʻrdan azobli nola eshitiladi... Nola soʻppayib turgan qabrtoshlarga urilib, aks-sado beradi-da, soʻng goʻyo qabristonni silkitib yuborganday boʻladi. Goʻyo qiyomat boshlangandek...

Chap tomonini bosib yotgan Ibrohim bosinqirab, uygʻondi. Yuragining zarbli urishi uyqusida zilzila boʻlib tuyulgandi. U koʻrgan tushi ta’sirida bir oz harakatsiz yotdi-da, keyin tirsagiga tayanib, qaddini koʻtardi. Koʻrgan tushi bandiligidan ozod boʻlolmay bosh egganicha bir oz oʻtirdi. Keyin kalta soqolini silab “astagʻfirulloh”, deb qoʻydi-da, irimga amal qilib, oʻng tomoniga qarab “tuf-tuf” deb qoʻydi.

Alloh iblis alayhila’naning “menga bir masjid lozim”, degan talabiga binoan unga bozorni berdi. Iblis oʻziga ibodatxona uchun tayin etilgan bozorning qiyomat nafasi sezilib qoladigan zamonlarga kelib gʻoyat obod boʻlishini balki orzu ham qilmagandir. Ehtimolki, kazzoblarning koʻpligidan iblis bu masjidiga ba’zan sigʻmay qolib, oʻz xizmatining mahsuliga tashqaridan turib maftun boʻlayotgandir. Bu holat faqat Allohgagina ma’lum, bandasi qaydan bilsin?

Toʻlqin ham ana shunday bandalarning biri. Bir necha kundan beri bozorni, uning atrofini kuzatib yurgani bilan bundagi shayton amallariga ahamiyat bermaydi. Tarozidan urib qolayotganlar, ketmon ushlash qanaqaligini bilmay turib “men dehqonman”, deb ont ichayotganlar uni qiziqtirmaydi. Unga mashina qulfini buzib oʻgʻirlik qilayotganlarni topish va tutish topshirilgan.

Qamoqdagilarning gunohlari kechirilib, avfi umumiy e’lon qilinganda hamkasblaridan biri “Endi uyga bormay tunu kun ishlaydigan boʻldik, qamoqdan malakasini oshirib chiqqan oʻgʻrilar endi hunarlarini koʻrsatishadi”, deganda farishtalar “omin” deb yuborishgan ekan, oʻgʻri jafosidan nolib shikoyat qiluvchilar koʻpaygandan koʻpaydi. Toʻlqin ilgari ham mashina oʻgʻrilarini tutgani uchun bu vazifa unga yuklatildi. Bir necha kunlik kuzatuvi natijasi va hufyalarining ma’lumotlarini qoʻshgan holda aniq bir xulosaga kelib, reja ishlab chiqdi.

Koʻchadan balandroqda joylashgan beshikchi ustaxonasiga kelib, oʻzini tanishtirganda bozor endi qiziy boshlagan edi. Videotasvirchiga suratga olish uchun mos joyni koʻrsatgach, ustadan hozir koʻradigan voqeasiga xolis guvoh boʻlishini soʻradi.

-Yoʻ-oʻq, - dedi usta bosh chayqab.

-Nega? - deb ajablandi Toʻlqin, - Shu yerdan turib koʻrganingizni tasdiqlaysiz xalos.

-Yoʻq, - dedi usta, keyin unamagani sababini hazil ohangida tushuntirgan boʻldi:-Birovning shoʻrini quritadiganga oʻxshaysiz, bunaqa ishga meni aralashtirmay qoʻya qoling, aka, - Usta Toʻlqinning chehrasi tundlashganini koʻrib, hijolatlik bilan koʻshib qoʻydi:-Endi bu bir gap-da...

Toʻlqin ustaning “birovning shoʻrini quritish” haqidagi gapidan ranjimadi. U bundan battarlarini, hatto haqoratomuz gaplarni ham yetarlicha eshitgan. Eshitganlari bir necha kungacha yuragini timdalab azob berib yurgan. Afsuski, alamli soʻzlarning yurakka chandiq solishi koʻzga koʻrinmaydi. Koʻrinsami edi, koʻp odamlarning yuraklari faqat chandiqdan iborat ekaniga guvoh boʻlinardi. Toʻlqin oʻz kasbiga doir haqoratga moyil gapni otasidan ham eshitgan edi. Harbiy xizmatdan qaytib militsiya maktabiga hujjat topshirganini aytganida otasi avval ajblangan, soʻng achchiqlanib: ”Shu ham ish boʻptimi? Milisani birov odam qatorida sanamasa-yu, sen shunga intilsang, kimyodagi teskari reaksiyaga oʻxshayapsan”, degan edi. Uning fikricha, kimyogar olimning oʻgʻli ota kasbini tanlagani ma’qul edi. “Sen oʻqiyver, olim boʻlmasang, biron maktabda oʻqituvchilik qilarsan”, dedi. Toʻlqin esa “Oʻzim qiziqmagan fanga bolalarni qiziqtira olmayman, qiziqmaganimdan keyin oʻzim ham oʻrganolmayman. Oʻrganolmaganimdan keyin bolalarni ham oʻrgata olmayman”, dedi. Otasi noiloj edi. Toʻy harakati boshlanganida sovchi borgan bir-ikki xonadondan “milisiga qiz bermaymiz”, degan javob eshitilgach, oʻgʻliga “senga aytmabmidim?” ma’nosidagi qarashlar ham yurakni timdalagan edi.

Beshikchi ustaning hozirgi gapiga e’tibor qilmasa boʻlardi. Lekin javobsiz qoldirgisi ham kelmadi.

-Agar ustaxonangizni oʻgʻri ursa-yu, biz oʻgʻrini qamasak, kimning shoʻri qurigan boʻladi?

-E, akaxon, sovuq nafas qilmang, oʻgʻri bizlardan nari yuraversin.

-Bu ham bir gapda... Oʻgʻri sizdan nari boʻlgani bilan sherigingizning shoʻrini quritadi. Boshqa iloji yoʻq, kasbi shunaqa. Sizning bozoringiz kasod boʻlsa boshqa hunar qilasiz. Ular boshqa hunar qila olishmaydi. Chunki ularning bozori hech qachon kasod boʻlmaydi.

-Ularning urugʻini quritib tashlash kerak.

-Qani,quritib koʻring-chi?

-Nega men quritaman? Mening ishim mana, beshik, belanchak, argʻimchoq. Sizning ishingiz ana, ularniquritish.

-Mening ishim shu, bilaman, lekin men ularni qurita olmayman.

-Siz shunaqa deb tursangiz, ishlar “besh” ekan.

-Men boʻladigan gapni aytyapman. Oʻtmishda qanchadan qancha oʻgʻrilarni ushlashib, qoʻllarini kesib tashlashgan-a, nega shuncha zamonlardan beri ularning urugʻi qurimadi?

Toʻlqin beshikchi ustaga gapirayotgani bilan koʻzlari katta koʻcha tomonda edi: ana, zira sotuvchi bola koʻrindi. Toʻlqin unga kuzatuvining birinchi kunidayoq e’tibor bergan edi. U yoʻl chetida toʻxtagan mashinaga ildam yaqinlashadi. Koʻzlari javdiraydi. Bozorga kiraverishdagi gumbaz yonida esa uch yigitcha oʻtiribdi. Toʻlqinning gumoni shularda. U ishni boshlash vaqti yetganini fahmlab, aloqa ratsiyasini qoʻlga oldi. Nimadir demoqqa ogʻiz juftlagan usta gapini yutib, qoʻshni doʻkon tomon oʻtmoqchi edi, Toʻlqin bir imo bilan uni toʻxtatdi-da, soʻng ratsiyani ogʻziga yaqinlashtirib, past ammo qat’iy ohangda “Boshlayapmiz”, deb buyurdi. Keyin:

-Birinchi reja boʻyicha ishlaymiz. Hammaning diqqati zira sotuvchi bolada, - deb ilova qildi.

Qoʻshni tomonga otlangan ustaga esa xolis guvoh sifatida kuzatishni yana bir bor iltimos qildi. Bu safar usta gapni koʻpaytirmay Toʻlqin koʻrsatgan tomonga qaradi.

Zirafurush bola ota kasbini davom ettirib bozorga chiqqan edi. Otasi oshnalari bilan ulfatchilik qilib oʻtirganda bir piyola aroqni ichibdi-yu, “qudratlisan, hayot!” deb jilmayib qoʻyib, jon beribdi. Oshnalari avvaliga hazillashyapti, deb oʻylab uning qiligʻidan miriqib kulishibdi. Keyin qarashsaki... yoz chillasida ichilgan muzdek aroq vazifasini bajarib boʻlgan ekan.

Zirafurushlar marhumning hurmatini qilib, oʻn oltini qoralayotgan oʻgʻlini yonlariga olishdi. Sifatsiz, biroq arzon zirani xaltaga solib koʻchada sotib yurganida oʻzidan kattaroq uch bola uni tor koʻchaga olib oʻtib biqiniga uch-toʻrt musht tushirishdi-da, har kuni choʻtal berib turishga koʻndirishdi. Shartni bajarib yurganida yangi topshiriq berishdi. Topshiriqni bajargach, endi ularning oʻzlari choʻtal uzatishdi. “Endi sen bizga sheriksan!” deyishdi. Choʻtal berib yurish qayda-yu, sherik boʻlish qayda!

U bozorga kiraverishda toʻxtayotgan mashinalarga tezgina yaqinlashib zirasini maqtar, ziyrak nigohi esa bir zumda ichkarini taftish qilib chiqardi. Ichkarida tuzukroq narsa koʻrmasa mashina egasini zira olishga qistayvermay, nari ketardi.

Bugun omadi keldimi, yap-yangi oppoq “Neksiya” shundaygina yoniga kelib toʻxtadi. U odati boʻyicha shoshilib xaltasini ochdi-da, bir chimdim zira oldi:

-Amak, zira olaman, desangiz ichkari kirib ovora boʻlib yurmang. Ziraning dodaxoʻjasi bizda!-deb turib yon oʻrindiqdagi jigarrang diplomatga koʻz tashladi. Yuragi nimanidir sezdi, hatto koʻngliga xushnudlik oralaganday boʻldi-da, maqtovini davom ettirdi:

Mashina egasi eshikni qiya ochib, bir oyogʻini pastga tushirdi. Keyin bola uzatgan zirani kaftida yoyib koʻrgach, hidladi-da, aftini bujmaytirdi:

-Shuni zira deb yuribsanmi? Odamni harif qilma, bola,qargʻa choʻqigan zirangni buvingning eriga olib borib sot. Bor, joʻna!

Bola sifatsiz zirani olib borib sotishi lozim boʻlgan buvisining eri kim ekanini oʻylab ham oʻtirmay, mijozni qoʻldan chiqarmaslik uchun bilagidan ushladi:
— I-i, toʻxtang, amak, ziraning farqiga borar ekansiz, bu yoqda zoʻridan bor. Mana buni koʻring.

Boshqa xaltachadan olingan zira avvalgisidan farq qilmasa-da, xaridor boʻlmish:

-Ha, buning sal durust. Ziraning dodasimasu kepak bahosiga olsa boʻladi, - dedi.

-Yerga urvormang, amak, oling, narxini kelishtirib beraman.

-Boʻpti, bitta stakanchada ber.

-Uch ming boʻladi.

-Uch ming qanaqa boʻlishini koʻrganmisan oʻzing? Senga ming soʻm ham yetadi.

-Amak, moshinni dodaxoʻjasidan olibsiz, suyunchisini ham qoʻshib bering unda.

-Yoqdimi? Zoʻrini olibmanmi? Shunaqa, men hamisha molning zoʻrini olaman.

-Qanchaga tushdi amak?

-Qanchaga deysanmi? Sen mishqi bunaqa mashina olish uchun ming tonna zira sotishing kerak. Menga qara, bola paqir, bozorga kirib chiqqunimcha mashinaga qarab tur. Suyunchini oʻshandan keyin olasan. Uzoqqa ketma, hali signalizatsiya oʻrnatilmagan, - mashina egasi shunday deb yonidagi diplomatni ochdi. Undagi taxlam pullarni koʻrgan bolaning koʻzlari chaqnab ketdi. Iblis uning vujudiga quvonch nafasini ufurdi. Taxlamdan bir qancha pul ajratib olgan mashina egasi pastga tushib yukxonani ochdi-da, diplomatni qoʻydi. Bu onda zirafurush gumbaz yonidagi sheriklariga qaradi. Ularning koʻzlari ham shu tomonda ekanini bilib, koʻngli hotirjam boʻldi. Mashina egasi ulovga qarab turishni yana tayinlab gumbaz tomon yurdi. Uning bozorga kirishga yaqinroq boʻlgan eshikdan kirmay gumbaz darvozasi sari yurishi kuzatayotganlarni ajablantirmadi. Zirafurush sheriklariga qarab “laqma” degan ma’noda quloq qoqib qoʻydi. Uch yigitcha unga javoban jilmayib qoʻyishdi. Ulardan biri mashina egasining ortidan yurdi. Uning ikkita xalta sotib olib, xarid qila boshlaganini koʻrgach, iziga qaytdi. Soʻng uchchovlashib oq “Neksiya” tomon yurdilar.

...oqmashina.

...yukxonasida pul.

...koʻpgina pul.

...egasi laqma. Qoʻyni boʻriga ishonib tashlab ketdi. Bir ozdan keyin dod-voy deydi, sochlarini bittalab yuladi.

...ana, tomosha!

Iblis ularning ongini shu yoqimli fikrlar bilan band etgan edi.

Beshikchining ustaxonasidan ularning harakatlarini kuzatayotgan Toʻlqin ratsiya orqali buyurdi:

-Qoʻlga olish guruhi, shaylaning. Diplomatni olib, yukxonani yopmagunicha tegmay turing.

Beshikchi usta aytmoqchi, shoʻring qurgʻurlarning shoʻrining qurishi bir daqiqaga qolmay hal etildi.

Yukxona ochildi.

Diplomat olindi.

Baquvvat yigitlar qurshovida qolgan oʻgʻri bolalar sayyodning toʻriga tushgan kabutarlar kabi ilojsiz edilar. Yoʻq, ilojlari bor edi: soʻnggi choralari - oʻzlarini zoʻravonlar dastidan nohaq azob chekayotgan qilib koʻrsatib faryod urish. Qoʻllari qayrilishi hamon uchchovi kelishib olganday baravariga ohu-dodlarini boshlashdi. Sal narida ularni kuzatib turgan zirafurush bola vaqtni gʻanimat bilib qochmoqqa shaylanganida bilagini kimdir mahkam ushlab, siqdi. U orqasiga oʻgirilib mashina egasini koʻrdiyu tili gapga kelish u yoqda tursin, ovozi ham chiqmadi.

-Hali zirangni sotib boʻlganing yoʻq-ku, yoʻl boʻlsin, zirafurushlarning dodaxoʻjasi!-shunday deb yigitchaning bilagini yanada mahkamroq siqdi. Bilagi temir iskanja orasida majaqlanib ketganday tuyulgan bola baqirib yubordi.

Toʻrt yigitchaning yordam ilinjida baqirishlari tekin tomoshaga muhtoj bozor ahlini bee’tibor qoldirmadi. “Bolalarni qiynamalaring, qoʻyib yuborlaring”, deguvchi dastlabki mehribonlar tilga kirgan paytda videotasvirchini ergashtirgan Toʻlqin mashina yoniga yetib kelgan edi. U oʻzini tanishtirganidan keyin ham mehribonlik toʻlqini pasaymay avj ola berdi. Oʻn yillar ilgari rasmdan qolib ketgan ingichka, olachipor galstuk taqib olgan ziyolinamo odam ogʻziga kelgan gapni qaytarmay avjga chiqa boshlagach, Toʻlqin ham ovozini balandlatdi:

-Rahmingizni keltirayotgan mana shu toʻrt bola hozirgina shu mashina yukxonasini ochib pul toʻla diplomatni oʻgʻirlashdi.

-Avval buni isbotlash kerak. Guvohlar bormi? - dedi himoyachi, boʻsh kelmay.

-Ana, - Toʻlqin shunday deb videotasvirchini koʻrsatdi. - Agar bu sizga kamlik qilsa yana ikki xolis guvohimiz ham bor. Huquqni yaxshi biladiganga oʻxshaysiz, endi diqqat bilan kuzatib turing: hozir diplomatni ochamiz.

-Diplomat bizniki emas, - dedi yigitchalardan biri jonholatda.

-Seniki boʻlmasa nega koʻtarib yuribsan? - deb soʻradi Toʻlqin.

-Shu yerda yotgan ekan, egasi topilsa bermoqchi edim.

-Uni qara-ya! Shunday qimmatbaho diplomatni kim tushirib qoldirdi ekan, a? Qani, bu yerga koʻy-chi, - Toʻlqin shunday deb yukxona ustini koʻrsatdi.Buyruq bajarilgach:-Qani, endi och, - dedi.

Yigitchalar orasidagi bashangroq kiyingani “Ochma, koʻlingni tekkizma!”-deb baqirib berdi.

-Uning gapiga e’tibor berma. Aybingni yumshatishni istasang, aytganimni qil. Axir sen shunchalik ijrochisan, toʻgʻrimi? Qani, och.

Yigitcha diplomatni ochdi. Himoyachi pul taxlamlarini koʻrib, oʻzini chetga olmoqchi edi, Toʻlqin toʻxtatdi:

-Hozir bayonnoma yozamiz, siz holis guvoh boʻlasiz

-Nega endi aynan men? Bekor aytibsiz. Men bunaqangi ahmaqona ishlarga guvoh boʻla olmayman.

-Qiziq falsafangiz bor ekan, - dedi Toʻlqin qoʻpolroq tarzda. - Oʻgʻrilarning oʻgʻriligini guvoh sifatida tasdiqlash sizningcha ahmoqligu oʻgʻrilarning yonini olib militsiya xodimlarini haqoratlash aqlli ishmi?

Himoyachi savolga javob bermay qoʻl siltaganicha davradan chiqdi. Toʻlqin “Kim guvoh boʻladi?” deb soʻragach, toʻplanganlar safi ancha kamaydi.

Ayni shu kunning ayni shu pallasida, shaharning kunchiqar tomonidagi chegara manzilida iblis yanada ajoyibroq tomoshadan huzurlanayotgan edi.

Tekshiruvchilarga roʻpara boʻlishga ilhaq katta-kichik mashinalar karvoni adogʻiga biqiniga qoplonning surati chizilgan eski avtobus yaqinlashib, asta toʻxtadi. Qaysi bir mamlakatda xizmatini ado etib boʻlgach chiqitga tashlanishga tayyorlangan avtobusni arzon-garovga sotib olib, u yer bu yerini yamab-yasqab, tirikchiligiga yaratib yuruvchi haydovchi pastga tushdi-da, karvonga nazar soldi. “Toza toʻplanibdi-ku, zangʻarlar, kechgacha pashsha qoʻrib oʻtiramiz shekilli”, deb oʻzicha gʻoʻdrandi-da, olgʻa tomon yurdi.

Oldingi oʻrindiqda mudrab kelayotgan yigit kerishib, rohatlanib esnagach, pastga tushib, hushtak chalib qoʻydi-da:

-Oʻchoq-qozon boʻlsa osh damlab yeb olishga bemalol ulgurarkanmiz, - dedi.

Bu gapdan keyin yana toʻrt kishi pastga tushdi.

-Ikki ming kilometrni qancha vaqtda bosib oʻtgan boʻlsak, ikki ming qadamni ham xuddi shuncha vaqtda bosib oʻtamiz, - dedi ulardan biri.

-Boshga tushganni koʻz koʻradi, - dedi ularning sabrlirogʻi.

Avtobusning oʻrta oʻrindigʻida ikki juvon oʻtiribdi. Yoshi kattarogʻining ismi Obodxon, uning yonidagisiniki Maxsuma. Obodxon tugʻilganida ota-ona tomonidan shunday ism qoʻyilishi sababini hech kim bilmaydi. Uning ba’zi xurmachaqiliqlaridan bahramand boʻlgan ayrim odamlarning “Bu Obodxon emas, naq Ofatxon!” deb qoʻyishlarini yaxshi hamki yer yetkizmaydi, yoʻqsa, bechora ota-onaning goʻrlarida tik turishlari aniq. Yana bir ehtimol borki, unga koʻra yetti kunlik Obodxonning qulogʻiga azon aytuvchi kishi tili chuchukligi tufaylimi yo boshqa sabab bilanmi “Ofatxon” deb yuborgan boʻlishi ham mumkin.

-Mana, opovsi, Xudoginaga shukur, eson-omon yetib keldik. Bir qadamlik yoʻl qoldi. Endi bu yogʻiga shoshilmang. Mijoz kelsa molni arzonga bermang. Bir-ikki kun sotmasangiz ham qimmat soʻrab turavering. Tushunmasangiz darrov menga telpon qiling. Birinchi marta savdoga chiqqan odamning ishi osonmas, oʻzimning boshimdan oʻtgan.

-Obodxon opa, mendan qaytmasa Xudodan qaytsin, yaxshiyam siz bor ekansiz. Mol sotilganidan keyin foydasidan xursand qilamiz hali.

-Voy, opovsi, qoʻying shu bachki gaplarni, menga savob kerak.

Agar iblisning kulgisini eshitish mumkin boʻlganida shu gapdan keyin avtobus qah-qahadan larzaga kelardi. Iblis telba emas, bekorga kulmaydi. Obodxonning qanday savob ilinjida yurgani unga sir ekanmi? Bu ilinjni uning yuragiga yaxshilab joylab qoʻygan iblis bilmay yana kim bilsin?

Obodxon hamroxini tijoratning “dunyo ahliga noma’lum asrori” bilan tanishtirish maqsadida gapdan tinmadi.

...molni arzon olginu qimmatga sot.

...arzon olish uchun ham, qimmatroqqa sotish uchun ham oʻzingni bechorahol qilib koʻrsat. Oʻlmagan eringni oʻldi desang ham bunaqa yolgʻonni Xudo kechiraveradi, chunki bu yolgʻonni yurakdan chiqarmaysan, til uchida aytasan. “Yetimlarim bir burda nonga zor”, deb yigʻlasang ham yolgʻonga oʻtmaydi, chunki bu foydani baribir bolalaringga yegizasan. “Bolalarim!” deb astoydil yigʻlasang Xudoning ham mehri joʻshib ketadi-yu, foydani koʻpaytirib beradi.

...molni qarindoshlarga sotma. Foydaning boshini yeydi bu qarindosh oʻlgurlar. “Bu mollarimning sifati yaxshi emas, kelgusi safar sizga yaxshisidan alohida tanlab-tanlab olib kelib beraman”, deb turaver. Keyingi safar esingdan chiqib qolsa gunohkor boʻlmaysan.

...topgan pulingni uyim, roʻzgʻorim deb sovuraverma. Eringdan yashirib qoʻyadigan moling ham boʻlsin. Zamon qaltis, xotin kishining boshiga nimalar tushadi, Xudo biladi.

Obodxonning chap yelkasiga ega chiqqan iblis rohatlanadi. Uning eng salohiyatli shogirdlari ham darsini bu qadar zoʻr oʻzlashtirishmagan edi. Iblis anoyi emas, vaqti kelib qolsa, bu xotinning “Meni shayton yoʻldan urdi!” deb faryod urishi unga ma’lum. Kiyomat boshlanib, doʻzaxga hukm boʻlganida barcha aybni iblis zimmasiga agʻdarishini ham biladi. Obodxon singari yashab oʻtganlarning ana shu da’vo ilinjida qabr azoblarini totib yotganlari yolgʻiz Yaratganga ma’lum. Bu xotinga va unga oʻxshash millionlarcha da’vogar bandalarga iblisning aytadigan gapi avvaldan tayin:

-Ha, yoʻldan urdim, bu mening kasbim edi. Sening burching men - iblisning emas, Rahmonning soʻzlariga amal qilish edi. Men seni doʻzax ostonasiga qadar olib kelishni orzu qilib edim, niyatimga yetdim. Endi senga oq yoʻl, doʻzax oʻtlari senga muborak boʻlsin!

Hali bu daqiqaga adogʻi Allohgagina ma’lum boʻlgan sanoqsiz yillar bor. Obodxon va unga oʻxshaganlar bu dunyoning yolgʻonchi lazzatlaridan toʻyib olishlari kerak. Keyin oʻlim, keyin qabr azoblari. Soʻng qiyomat dahshatida tirilish. Soʻng esa hukm!..

Alloh bandasiga hidoyat bersa, iblis orzu qilayotgan bu oqibat yuz bermas.

Hozircha Obodxon yelkasidagi iblisni quvontirib javrayotganini oʻzi bilmaydi.

Iblisning bir xotin gaplaridan quvonib oʻtirishi holva. Hademay uning navbatdagi toʻyu tantanasi boshlanadi. Toʻyu tantanaga “navbatdagisi” deb sifat berilishi bejiz emas. Banda ter toʻkib, yigʻib-terib toʻrt yildami yo besh yildami birgina toʻy qiladiyu bor-yoʻgʻini sovurib, shumshayib qolaveradi. Iblis ham ter toʻkadi, zalolat ahlini atrofiga yigʻib-tergani zamon hayallatmasdan toʻyini boshlab yuboradi. Bandadan farqli oʻlaroq, u bitta toʻy bilan niyatiga yeta qolmaydi. Toʻyni toʻyga ulayveradi.

Avtobus haydovchisidan anchagacha darak boʻlmadi. Koʻpchilik betoqat boʻlib avtobusdan tushdi, birovlar sabrsizlik oʻtini sovutish maqsadida nari-beri yura boshlashdi. Gadoy topmas soʻqmoqlar orqali chegaradan oʻtkazib qoʻyuvchi aravakashlar esa sal narida bir imoga ilhaq boʻlib qarab turishibdi. Avtobus haydovchisi ruhi singan bir ahvolda qaytdi. Yoʻlovchilarning “Nima gap, yaqin orada jilamizmi yo yoʻqmi?” degan savollariga qisqa qilib:

-Avtobusga chiqinglar, gap bor, - dedi. Hamma chiqib, joy-joyiga oʻtirgach, yangilikni ma’lum qildi:-Ishning ishkali chiqib qoldi. Qattiq tekshirilyapti. Boj toʻlashga tayyorlanib turinglar.

-Hov akaxon, biz unaqaga kelishmaganmiz. Siz bizni savdogar emas, sayyoh deb tep-tekinga olib oʻtishga va’da bergansiz, - dedi oldinda oʻtirgan yigit.

-Boj toʻlasak uyimiz kuyadi-ku!-deb baqirdi Obodxon uni qoʻllab.

-Men boʻladigan gapni aytdim. Kelishadigan tanishlardan bittasi ham yoʻq, boshqa odamlar oʻtirishibdi. Eplasalaring oʻzlaring borib gaplashinglar. Men pullaringning bir qismini qaytarib beraman, - dedi haydovchi.

-Oʻ, oʻgʻil bola! Erkakning gapi bunaqa magʻzava boʻlmaydi, - dedi birinchi qatordagi yigit jahl bilan. - Biz-ku, gaplashamiz. Lekin siz pulimizni tiyin-tiyinigacha qaytarasiz.

-Sal oʻpkangni bosib gapir, - dedi haydovchi achchiqlanib. - Nima, bu dunyoda bitta sen erkakmisan? Bor, gaplash, olib oʻt! Pulingni ikki hissa qilib qaytarmasam itning bolasi boʻlay!

Haydovchi choʻntagidan xaltacha chiqarib kaftiga nos toʻkdi-da, soʻng tilining tagiga tashlab, pastga tushdi.

-Kim men bilan boradi? - dedi yigit. - Pul olmaydigan bojxonachi hali tugʻilmagan bu dunyoda. Bitta kitobda oʻquvdim, pora olmaydigan odam yoʻq, pora berolmaydigan mollar boʻlar ekan. Bu akamiz shunaqahilidan.

Erkaklikka da’vogar yigitga yana ikki kishi qoʻshilgach, mardonavor tarzda yoʻlga tushdilar. Ular oʻzlaricha haydovchiga jahl qilib borishardi, uning onasiyu xotiniyu qizlarini eshakkami, itgami roʻpara qilib soʻkinishdan tillarini tiyishmasdi.

Aslida-ku, iblis ularni qoʻllaridan tortib, sudrab boʻlsa-da shu yoʻlga solmoqchi edi. Iblisning baxtini qarangki, bu bandalar uning yengilgina turtkisi bilan sapchib tura qolishdi. Haydovchining gapiga kirsalaru, mollarini hisob-kitob qilib, boj toʻlashga tayyorlanib oʻtirsalar iblis bechora alamdan boshini qaysi toshga urib yorardi. Har tugul, uning boshi yorilmaydigan boʻldi.

Iblisga itoat etgan vakillar hay’ati yoʻlga tushgach, Obodxon yana tilga kirdi:

-Shilta aralashgan ish doimo shunaqa boʻladi. Haromning kasofati hammaga baravar uradi.

-Qaysi harom? - deb ajablandi Maxsuma.

-Oʻzingizni bilmaganga olmang, opovsi, uchinchi qatorda oʻtirgan opachangizni aytyapman.

-Voy,hali u?..

-Gʻirt oʻzginasi. Bozorda imlovdim, tushunmadingizmi? Qiyshiq koʻz oʻlgur menga bermagan molini unga yarim narxiga berdi-ku? Ichkari kirib chiqqanini koʻrmay gʻaflatda qolibsiz-da?

-Unaqamasdir, ketayotganimizda eri bilan xayrlashib yigʻlovdi-ya?

-Hali koʻrib turasiz, avtobusdan tushishi bilan erining boʻyniga osilib, “sogʻindim akajonim”, deb yigʻlab beradi. Er deganam shunaqa ahmoq boʻladimiyey!

Maxsuma “voy oʻlay”, dedi-yu, boshqa gap qoʻshmadi.

Ba’zilar odamlar koʻp toʻplanadigan joyni mahshargohga qiyoslashadi. Bir uchi chegara manziliga taqalgan mashinalar karvoni mahshargoh emas. Oradan qancha yillar oʻtib mahshargohda toʻplanish oldidan bir imtihonga oʻxshash harakat xalos. Qayta tirilgan bandalar mahshargohda Yaratgan hukmini kutishib dir-dir titrasalar, bundagilar bojxonachi bilan boʻlajak uchrashuvdan titraydilar. Unda doʻzaxga roʻpara boʻlishdan qoʻrqadilar. Bunda puldan ajralishdan. “Puldan ajralish tashvishi doʻzax azobiga roʻpara boʻlishdan ham ayanchliroq!” Iblis ularning yuraklariga shunday deb yozib qoʻygan.

Yaqindagina sherdek yurish bilan olgʻa ketgan vakola hay’atining quruq qaytayotganlari yurishlaridan ma’lum edi. Obodxon buni angladi-yu, shart oʻrnidan turdi.

-Bu lattachaynarlar bilan ish bitmaydi, ketdik!

-Qayoqqa? - deb ajablandi Maxsuma.

-Ana, chegaradan aravakashlar oʻtqazib qoʻyishadi. Ozgina chiqim qilamizu bu avtobus oʻlgur joyidan siljigunicha biz uyda boʻlamiz.

Obodxon avtobusdan tushuboq aravakashlarga qarab imladi. Ulardan ikkitasi ildam yetib kelgach, savdolasha boshladi. Aravakashlardan biri Obodxon aytgan narxga koʻndi ikkinchisi esa koʻl siltab nari ketdi. Maxsuma boshqalar ham shunday qilisharmikin, deb avtobusdagilarga qarab-qarab qoʻydi. Boshqalar “chiqmagan jondan umid”, deganlariday bojxona xodimlari bilan kelishuv orzusida oʻtirganlari uchun Obodxonga qoʻshilmadilar. Maxsuma ham “Koʻpchilik nima boʻlsa men ham shu” degan qarorga kelay deganida Obodxonning bir chimirilib qarashiyu bir nordon gapi bilan unga qoʻshila qoldi.

Avtobus yukxonasidan mollarini olib aravaga ortishgach, Obodxon kira haqini qaytarib berishni haydovchidan talab qildi.

-Men bojxona bilan oʻzlaring kelisha olsalaring qaytarib bermoqchi edim, - degan haydovchi baloga yoʻliqaqoldi.

-Qanaqa erkaksan, oʻzing, belingda belbogʻing bormi, boʻlmasa ishtonimni yechib bera qolay, kiyib ol. Ikki hissa qilib qaytarib beraman, devding-ku, oʻl-a, erkak boʻlmay.

Bu gapdan boʻzarib ketgan haydovchi choʻntagidan bir dasta pul chiqarib unga uzatdi:

-Ma, toʻyguningcha ol, vijdonsiz. Sen oʻtgan safar “pulim yetmay qoldi” deb hammasini toʻlamagansan. Ikkinchi shu avtobusga yaqinlashganingni koʻrayin...

-Nima qilarding? Gapir, gaping ichingda qolmasin. Biz bormiz, sening tirikchiliging oʻtib turibdi. Bu shaloq aravangni pishirib ye! Endi men amirlikka qatnayman, beminnat samolyotda borib kelaman, bildingmi?

Obodxon shu gaplarni ayta turib kerakli pulini sanab olgach, qolganini qaytardi. Haydovchining “sen tushadigan samolyot ham xarob boʻladi”, deb mingʻirlashdan boshqa iloji qolmadi.

Aravakash aravasini nomi koʻcha deb atalgan lekin oʻydim-chuqur boʻlib yotgan dala yoʻliga haydadi. Arava usti mol bilan toʻlgani sababli ayollar piyoda ketdilar.

-Sen bizni laqillatding, shumtaka, - dedi Obodxon, - Hali hisob-kitobda dod demaysan. Yayov yurishimni bilganimda soʻraganingning yarmisini ham bermasdim.

-Molingiz koʻp boʻlsa ayb mendami, jengeshe? - dedi aravakash.

-Aravangni kattaroq qilsang oʻlasanmi? - dedi Obodxon.

-Egasiga aytaman, endi kelishingizga kattarogʻini yasab qoʻyadi, - deb mingʻirladi aravakash.

Shu tarzda aytisha-aytisha nomi daryo atalgani bilan eni oʻn qadam ham chiqmaydigan anhor sohiliga yetdilar. Oqimga qarshi yana ozgina yurilgach, olti xonadondan iborat qishloqchaga kirib bordilar.Arava uchinchi xonadon sari burildi. Ikki xonali pastak uyning yonidagi temir darvoza lang ochiq edi. Atrofda devor boʻlmagani holda bunday darvozaning mavjudligi Maxsumani ajablantirdi, Obodxon esa e’tibor bermadi.

Hovlining etagi anhorga taqalgan. Anhor uzra besh-olti qator qalin sim tortilgan, har bir simga katta savat kajava ilib qoʻyilgandi. Sohilda esa eski bir qayiq lopillab turardi. Rasmiy xaritada bu anhor davlat chegarasi hisoblanardi. Anhor yoqasida mijoz kutib oʻtirgan kajava egalarining vazifalari esa ahli tujjorni bir mamlakatdan ikkinchisiga oʻtkazib koʻyishdan iborat edi.

Ming yillar avval bir kishining tantilik bilan aytib yuborgan “erkak bitta gapiradi!” degan gapi maqolga aylangan. Zamonga besh ketish kerak, endi xotin kishi ham bitta gapiradigan boʻldi: Obodxon yoʻlda aytgan ahdiga sodiq qolib, aravakashning haqidan chegirib qoldi. Bu orada kajava egalari unga yaqinlashishdi.

-Bular bilan kelisha olsangiz narigi qirgʻoqqa oʻtkazib qoʻyishadi, - dedi aravakash norozi ohangda.

-Nega men kelisharkanman? Sen bilan oʻsha qirgʻoqqa oʻtkazib qoʻyishni gaplashganman.

-Esingiz joyidami jengeshe, arava daryodan suzib oʻtmaydi-ku?

-Unisini bilmadim.

-Jengeshe, hamma arava shu yergacha keladi. Anhorning narigi betida oʻzinglarning mashinalaring bor.

-Menga aql oʻrgatma, buni oʻzim ham bilaman. Sen mollarimni bitta-bittalab yelkangda tashib boʻlsaham oʻtkazibqoʻyasan.

Obodxon gapini tugatmay, hovliga kajavali mototsikl patillab kirib keldi. Biri harbiy, yana biri militsiya kiyimidagi ikki kishi mototsiklni Obodxondan yarim qadam berida toʻxtatdi.

-Boshimga chiqarib toʻxtata qolmadingda aravangni, - dedi Obodxon achchiqlanib.

-Davlat chegarasida nima boʻlyapti? - deb soʻradi militsiya kiyimidagi yigit, soʻng aravadan tushirib qoʻyilgan mollarga qarab oʻzicha xulosa chiqardi:- tak, tak... kontrabanda!

-Qanaqa banda? Oʻzing kimsan? - dedi Obodxon uni jerkib.

-Biz davlat chegarasi xizmati xodimlarimiz. Hujjatlaringizni koʻrsating.

-Avval oʻzing koʻrsat.

-Biz boshqa davlat odamlariga hujjatimizni koʻrsatmaymiz. Sen hujjat koʻrsatmasang ham hammasi ravshan. Sen... - yigit shunday deb Maxsumaga qarab oldi, - bu xotin ham sen bilanmi? - Obodxondan javob kutmay aravakashga qaradi:-senam shular bilan birgamisan?

-Men bularni tanimayman. Bu uy togʻamniki, mehmonga kelganman. Hozir ikki qop bugʻdoy ortib uyimga ketaman, - dedi aravakash.

-Sen boraver, - dedi yigit aravakashga, keyin kajava egalariga qarab baqirdi:-senlarga tomosha bormi, joʻnalaring!Hozir hammangni olib borib turmaga tiqaman!-Bu tahdiddan keyin ular sohil tomon yurdilar. Yigit esa qoshlarini chimirib, Obodxonga qaradi:-Senlar Davlat chegarasini buzishda ayblanasanlar. Jinoyat kodeksining oʻttiz sakkizinchi moddasi, eng kamida besh yil oʻtirasanlar. Mollaring davlat hisobiga musodara qilinadi. Agar mollaringning ichida qoradori topilsa jinoyat kodeksining yetmish uchunchi moddasi bilan otilasanlar.

Yigit xuddi jinoyat kodeksi moddalarini suv qilib ichib yuborgan kabi ishonch bilan gapirdiki, Maxsuma uni eshitib hushini yoʻqotayozdi. Yigitning gaplari shunchaki ogohlantirish emas, balki sud hukmi boʻlib tuyulib qoʻrquvdan ranglari oqardi. “Voy shoʻrim!” deb yigʻini boshlab yubordi. Obodxonda ham qoʻrquv uygʻona boshlagandi, lekin vaqtida oʻzini qoʻlga olishga uning qurbi yetdi. Hozirginada ularga bas kelaman, deb oʻylagan Obodxon birdan toʻnini oʻzgartidi-da, yigʻlamsiraganicha yalina boshladi. “Militsiyada ishlagan ukasini terroristlar oʻldirib ketishganini” aytaturib koʻzlariga yosh ham keldi.Bu gaplarni eshitib ajablanayotgan Maxsuma oʻzining “terroristlar oʻldirib ketgan militsiya xodimining bevasi, bu xotinning esa kelini”ekanini bilib “yoʻgʻ-e!” deb yuborishiga sal qoldi. Xullas, beshta yetimchaning och-nahor oʻtirishi aytilgach, dagʻdagʻa qilayotgan yigit sal yumshaganday boʻldi.

-Mayli, yetimlarning haqi bor ekan, qoʻyib yuboraman. Lekin izlaringdan tushganimizni xoʻjayinlar koʻrishgan. Bizga pullaring kerakmas, xoʻjayinlar “oʻzlari olib yeb ketishdi”, deyishmasin.

“Xoʻjayinlarga atalgan” pullar berilgandan keyin kajava egalari bilan kelishildi. Narigi qirgʻoqqa oʻtilgach, Obodxon “Xudoga shukur”, deb chuqur nafas oldi-da, hamrohiga qaradi:

-Opovsi, hisobli doʻst ayrilmas, degan maqol bor. Shu yergacha boʻlgan harajatlarning yarmini berib qoʻying, - deb qancha berishi lozimligini aytdi.

-Opa, teng yarmini beramanmi, mening molim ozroq-ku? - deb e’tiroz bildirdi Maxsuma.

-Ular molning oz-koʻpiga qarashdimi, opovsi, bitta qopga ham oʻnta qopga ham shu pul, - dedi Obodxon zarda bilan.

-Opa, bitta narsa qiziq, a? Milisaning kiyimi boru pogoni yoʻq? - deb soʻradi Maxsuma pul sanay turib.

Obodxon vahimada bunga e’tibor bermaganini anglab, afsuslandi, biroq, aybini tan olgisi kelmadi:

-Bu yoq boshqa davlat, ularning formasi oʻzi shunaqa, - deb qutulmoqchi edi, hamroxining bu gapga ishonqiramayotganini sezib qoʻshimcha qildi:-Nima, bizni laqillatmoqchi boʻlishdi, demoqchimisiz? Men shunchalik merov ekanmanmi? Agar niyatlari yomon boʻlsa ikkalamizni shart boʻgʻib suvga tashlashardi, mollarimizni boʻlvolishardi. Biz bergan sariq chaqaga qanoat qilishmasdi. Bunchalik sodda boʻlavermang, opovsi.

Siyrak daraxtzor ortidagi ikki mashinaga koʻzi tushib Obodxon quvonib ketdi.

-Hayriyat-ey, oʻzimiznikilarga yetib keldik. Bu yogʻi endi bir qadam.

Sohil tomon qarab turgan yigitlardan biri ularga yaqinlashdi:

-Ertalab Xudo deb chiquvdim, peshonasi yarqiragan yigitmanda, endi boʻsh boʻlsam ham qaytaveraman, deb turuvdim, Xudo sizlarni yetkazdi. Qani, yuklaringizga yordamlashvoray, - u shunday deb katta xaltalardan birini koʻtarmoqchi boʻldi.

-Oldin haqini kelishib olaylik, - dedi Obodxon uni toʻxtatib.

-Opaxon, xaqi ot bilan tuya boʻlarmidi. Dunyo koʻrgan odamga oʻxshaysiz. Oʻzingiz koʻngildan chiqarib, bilib beraverasiz. Baribir boʻsh ketmoqchiydim.

Arzon kirakash yoʻliqqanidan quvongan Obodxon “Naryoqdagi chiqimlarni xudoyim bu yoqdan qoplaydigan boʻldi”, deb shukur qilib qoʻydi.

Mashina katta yoʻlga chiqqach, shahar tomonga emas, chegara postiga burilgach, Obodxon xavotirlanib:

-Ha, qayoqqa? - deb soʻradi.

-Ataganimni berib ketay. Ularning ham nafsi bor. Kunlikni kunlik berib turmasam, ertaga tutun qaytarib, tirikchilik qilishimga yoʻl berishmaydi, - dedi yigit noligan ohangda.

-Unda judayam yaqin bormang, beriroqda toʻxtang, - dedi Obodxon.

-Havotirlanmang, bu yerdagilarning hammasi oʻzimizniki.

Yigit yolgʻon soʻzlamagandi. Chindan ham bu yerdagilarning barchasi oʻziga tegishli idora odamlari edi. U mashinadan tushishi bilan toʻrt yigit yaqinlashib, eshikni ochishdi:

-Opajonlar, yaxshi yetib keldinglarmi? - deb hol soʻragan boʻlib, hujjatlarini koʻrsatishdi.

Ularning pogoni ham, hujjati ham bor edi. Obodxon “Xudo urdi!” dedi-yu, uvvos tortib yigʻlab yubordi. Yigitlar uning ovunishini kutmay, mollarni tushira boshlashdi.

Kunduzgi oʻgʻirlikka doir hujjatlarni rasmiylashtirish bilan ovora boʻlgan Toʻlqin uyiga kech qaytdi. Darvoza eshigining qiya ochiqligini koʻrib, ajablandi. Uning ishdan koʻpincha kech qaytishiga koʻnikib qolishgani uchun eshikni doimo qulflab qoʻyishar, u boshqalarni bezovta qilmaslik maqsadida oʻzining kaliti bilan ochib kirardi. “Mehmon kelib, meni kutib oʻtirgandir”, degan fikrda ostona hatlashi bilan ukasining uyi tomondan kelini Obodxonning oʻkrab yigʻlagan tovushi eshitildi-yu, badaniga muz yugurdi.

-Voy endi nima qilaman, voy Xudo urib qoʻydi-ey!

“Kimdir oʻldimi? Kim?” - Toʻlqinning xayoliga kelgan birinchi savol shu boʻldi. Shubhasizki, u kelinining oʻn daqiqa avval bundanda ayanchliroq faryod bilan uyga kirib kelganidan bexabar edi. Obodxon azaga kelgan xotindek dod solib ostona hatlaganida chap tomondagi uyda eri, oʻng tomondagi uyda ovsini Robiya qoʻrquvdan taxtadek qotib qolgan edilar. Bu faryod qoʻldan ketgan molga ochilgan aza ekanini bilgan Robiya ichida “Ha, pulam oʻlsin-a!” deb koʻysa-da, qaynisi bilan birgalikda uni ovutishga kirishgandi. Ovunay deb qolgan Obodxon faryodining sal yumshagan holdagi ikkinchi koʻrinishi boshlanganida Toʻlqin ostona hatlab uyga kirayotgan edi. Xavotir zambaragidan oʻqqa tutilgan Toʻlqin ukasining ayvoniga qanday yugurib kirganini oʻzi ham bilmay qoldi. Uni birinchi koʻrgan Robiya salomlashishni ham unutib, shoshilganicha:

-Adasi, havotirlanmang, Obodxon mollarini oldirib qoʻyibdilar, - dedi.

“E, moling bilan...”, deb ichida soʻkingan Toʻlqin bir pas shu yerda turishni ham, orqasiga qaytishni ham bilmadi.

-Xudoning zorini qildim-a, yer yutkurlarning birontasi yumshamadi. Xa, boʻylaring lahadda chirigurlar-a!

Odatda kelin, ayniqsa uzoq safardan qaytgan kelin qaynogʻasini koʻrganda salom berardi. Obodxonning hozirgi qargʻishi salom oʻrniga yangradi. Kelinning salomiga alik olgan qaynogʻa til uchida boʻlsa ham “eson-omon borib keldingizmi?”-deb qoʻyardi.

Salom ham yoʻq, alik ham yoʻq. Xol soʻrash ortiqcha - hammasi shunday bilinib turibdi. Toʻlqin biron soʻz aytmay, orqasiga oʻgirildi. Robiyaning eriga ergashish niyati bor edi, biroq, oʻrtadagi mehr-oqibatga xiyonat qilmay, deb ovsinining yonida qoldi. Bechora ayol, sodda ayol! Aka-ukalar oilasi orasida mavjudligi shart boʻlgan mehr-oqibatning lazzatli suvini iblis qurita-qurita sahrodagi tashna quduq holiga keltirib qoʻyganini u qaydan bilsin? Mol achchigʻidagi ovsinining “Bu nega tepamda qoqqan qoziqdek turib oldi, eriga qoʻshilib gumdon boʻla qolmaydimi?” degan oʻyda oʻtirganini bilsa edi, yarim nafasga ham chidamay, yurib emas, uchib chiqib ketardi bu uydan.

Akasining indamay chiqib ketayotgani Sattorga malol kelib, unga ergashdi.

-Aka, borib kelsakmikin? - dedi ayvon zinasidan tusha turib.

Toʻlqin toʻxtab, oʻgirildi. Ukasining maqsadini anglagan boʻlsa ham:

-Qayoqqa? - deb soʻradi.

-Chegaraga... bojxonaga.

-Xoʻp, bording, deylik. Keyin-chi?

-Gaplashib koʻrarmidik.

-Molini bekorga olib qoʻyishmagandir. Ishining biron chatogʻi bordir, xat-hujjat qilib koʻyishgandir?

-Aylanma yoʻldan oʻtib kelishayotgan ekan.

-Ana, koʻrdingmi? Haq ular tomonda.

-Aka, shu paytda haq talashmay turing. Oʻsha aylanma yoʻldan kuniga milliontasi oʻtadi. Ish chuvalashmay turib, borib kela qolaylik.

-Qiziqsan. Mening borishimdan nima foyda? Men chegarachi boʻlmasam, bojxonada ham ishlamasam. Kichkinagina bir milisa boʻlsam...

-Oʻsha yerda ham oʻzingizga oʻxshash “kichkinagina” milisa bordir, ehtimol tanish chiqib qolar. “Kichkinagina milisa” ba’zan katta muammolarni ham hal qilib tashlaydi.

-Shunday abjir xotining eplay olmagan ishni ikkalamiz eplay olarkanmizmi, esing bormi?

-Aka, bir ish tushganda qaysarlik qilmay, xoʻp deya qolsangiz nima boʻlarkin?

-Xoʻp, ukajon, sen uchun ming marta xoʻp. Lekin hozir hech qayerga bormayman. Ertaga surishtirib koʻraman.

-Unda kirib “yordam beraman”, deb keliningizni ovutib qoʻying.

-Xotining quruq gapga ovunmaydi. Molini olmagunicha oʻzi ham tinchimaydi, seni ham tinchitmaydi, - Toʻlqin shunday deb uyi tomon yurdi-da, balandroq ovozda xotinini chaqirdi:-Ishdan kelgan eriga choy-poy beradigan insofli xotin bormi bu uyda?

Toʻlqin “seni ham tinchitmaydi”, deb sal adashdi. Kelgusi kunlar ichi oʻzining ham gʻalva toʻfoniga uchrashini bilganida “Hammamizni tinchitmaydi”, dermidi. U savdo ahlining boshiga shunaqa, hatto bundanda battar tashvishlar tushishini bilgani sababli ularga hamdard boʻlmadi. U ham, Robiya ham buni oʻtkinchi tashvish, deb bilib yanglishishayotgan edi. Bu tashvish bulutining koʻlami gʻoyat keng - faqat Sattorning emas, aka-uka xonadonini baravar egallab oladigan edi. Undan yogʻiladigan hasrat va nadomat yomgʻiri ham har ikkala oilaga yetib ortardi.

Bu balo buluti, bu gʻavgʻo yomgʻiri iblis boshlayotgan toʻyu tantananing darakchisi edi.

* * *

Shu imoratga dastlabki gʻishtlar qoʻyilayotganda iblis bu uyda ham yillar oʻtib boʻlsa-da, toʻy qilishni niyat etib edi. Nihoyat, umidiga yetay deb turibdi.

Oʻttiz toʻqqiz yil muqaddam shu yerlarda iblisning qiladigan ishi deyarli yoʻq edi. Bundagi bogʻlar ham, huddi jannatdan quvilgani kabi, goʻyo unga harom etilgan edi. Doimiy ravishda ish bilan band bogʻbonlar dam olishga oʻtirgan chogʻlarida iblis ularning davrasiga yaqinlashardi-da, nafasini ufurardi. Ularni gʻiybatga tortib, lazzatlanib ketardi.

Katta shahar zilziladan bir tebranib olgach, odamlar atrofga tariq singari sochildilar. Bogʻlar buzilib, shaharliklarga boʻlib berildi-yu, uylar shitob bilan tiklana boshlandi. U damda Toʻlqin toʻqqiz, Sattor esa besh yoshda edilar. Togʻli qishloqdan shaharga oʻqishga kelib, soʻng olimlikni ixtiyor qilgan Shavkatga shu zilzila bahona uy qurish uchun yer ajratib berilgandi. Unga qadar “ichkuyov” martabasida yashab kelgan Shavkatga bu baxtiyorlik saroyi eshigining lang ochilishi boʻldi.

Yer ajratilgan kunning ertasiga Shavkat Faridani boshlab keldi-da, rejasini bayon qildi:

-Oʻrtada darvozaxona, oʻng tomonda uch uy bir ayvon, chap tomonda ham uch uy bir ayvon quramiz.

Bu gapni eshitib ish koʻlamini koʻz oldiga keltirgan Faridaning vahmi keldi:

-Sal kichikroq qilib qura qolmaymizmi? - dedi u.

-Boʻladigan ishning vaqtida boʻlgani yaxshi, - dedi Shavkat. - Tasavvur qilgin: oʻng tomonda katta kelining, chap tomonda kichigi “oyijon, choy iching”, deb xizmatingni qilib tursa...

-Biz-chi,qayerda yashaymiz?

-Bizmi?.. Keyinroq etakka sen aytganday kichikroq uycha quramiz. Baland boʻlmaydi, bitta zina bilan chiqiladi. Qarilikning ham hisobini olib qoʻyganman.

Shavkatning bu umidida “Xudo xohlasa” degan niyatning yoʻqligidan mamnun iblis oʻshanda kulib koʻygan edi. Shavkat oʻshanda uzoq qarilikning hisobini olib qoʻygan edi-yu, biroq, umrining qisqa boʻlishi, bir yil ichida er-xotinning dunyoni tashlab ketishi mumkinligini oʻylamagandi.

Poydevorga birinchi gʻisht qoʻyilayotganda ham iblis shu atrofda ivirsib yurgan edi. Usta qoʻliga gʻisht olmay turib xayrli duo qilayotganida uni titroq bosdi. Yetti qat yerning tagiga kirib ketay dedi. Lekin duoning kuchini kesib tashlamay turib nari ketishni istamadi. Chidab, payt poylab, kutdi.

-Qani, mulla aka, tangalarni bering, - dedi usta.

Shavkat ustaning kechagi gapi bilan toʻplab qoʻygan tangalarining yarmini toʻngʻichiga, yarmisini kenjasiga berdi. Toʻlqin tangalarini oʻng tomondagi uy burchagiga bittadan qoʻyib chiqdi. Usta pichirlaganicha duo qila-qila tangalar ustiga loy tashlab, gʻisht bostirdi. Sattor tangalarini mahkam changallaganicha ustaning harakatlariga tushunmay qarab turaverdi.

-Ha, toy bola, sen nega pullaringni qoʻymayapsan? - deb soʻradi usta unga kulib qarab.

-Amaki pulni nega qoʻyyapmiz? - deb soʻradi Sattor.

-Taomili shunaqa-da, bu uyga Alloh xayru baraka, hotirjamlik beradi. Aka-uka totuv yashasanglar, Alloh senlarni boyu badavlat qiladi. Inoqlik boʻlmasa - uydan baraka qochadi.

Sattor “taomil”, “xayru baraka” degan soʻzlarga tushunmasdi. Shu sababli changalidagi tangalardan ajralishni istamay yana bir oz turdi. Shavkat oʻgʻlining bu holatini anglab kulimsiradi-da, qoʻlidan yetaklab chap tomondagi uy burchagiga boshladi. Evaziga qogʻoz pul va’da qilingach, Sattor tangalarini burchaklarga chaqqon ravishda qoʻyib chiqdi.

Bu onda koʻchaning narigi betidagi uy tomondan shovqin eshitildi. Usta savol nazari bilan Shavkatgaqaradi.

-Aka-ukalarga yonma yon uy tekkan ekan, - dedi Shavkat unga javoban. - Qoziqning oʻrni talash. Uka “yarim qadam nari boʻlsin”, deydi, akasi:”toʻgʻri qoqilgan, tegma”, deydi. Bir haftadan beri shuning janjali.

-Bitta rivoyat bor, - dedi usta, janjal boʻlayotgan tomondan koʻz uzmay. - Ikki odam shularga oʻxshab “bu yer meniki, yoʻq, meniki!” deb joy talashayotgan ekan, yer tilga kirib “E, nodonlar, talashmalaring, ikkoving ham menikisan”, degan ekan.

-Yaxshi rivoyat ekan, - dedi Shavkat miyigʻida kulib. - Aslida odam bolasiga ikki qarich yer kifoya.

-Ikki quloch yeru ikki quloch oq surp, - deb izoh berdi usta. - Dunyoni talashib-talashib yetishganimiz shu boʻladi. Lahadga bir sandiq tillasi bilan qoʻyilgan odamni kim koʻribdi?

-Qoʻyildi, deb tasavvur qilaylik, foydasi bormi?

-Gapingiz toʻgʻri. Eng avvalo shu tillani qanday topganiga hisob beradi. Shuncha tillani hech qachon halol yoʻl bilan topib boʻlmaydi. Demak, yiqqan dunyosi oʻzining boshiga balo boʻladi. Qolaversa, qil koʻprikdan tilla toʻla sandiqni minib oʻtmaydi.

-Fikringiz xurofot boʻlsa ham qiziqarli, - dedi Shavkat.

-Sizga oʻxshagan olim odamlarning shu odatlaringiz chatoq. Qiyomatdan gap ochilsa, darrovda xurofot deb malomat qilasizlar.

-Ilm shunaqa boʻladi, usta aka. Bor narsani bor deymiz, yoʻq narsani yoʻq deymiz. Odam tugʻiladi, yashaydi, oʻladi. Tamom. Boshqa gap yoʻq.

-Mulla aka, men omi odamman. Gapingizga qarshi boʻlsam ham bir nima deya olmayman. Keling, men gʻishtimni teray, siz oʻsha ilmingizni qiling. Qolganini qiyomatda Allohning oʻzi bir yoqlikqilib olar.

-Yana qiyomat deysiz-a?

-Mulla aka, siz ishongan ilmingizda qattiq turasiz, men ishonganim Allohdan qaytmayman. Keling, boshqa gaplardan gapiring. Birov Allohga qarshi bir nima deb qoʻysa qattiq gʻazablanadigan odatim bor. Ishni boshlamay turib arazlashmaylik.

-Johil boʻlsangiz ham dono ekansiz. Tamom. Boshqa gap yoʻq.

Oʻziga “johil” jandasi kiydirilganidan ustaning astoydil jahli chiqsa-da, tinchlik sulhini oʻzi taklif qilgani uchun qarshi soʻz aytmadi. Bu orada koʻchaning narigi betida dahanaki jang olib borayotgan ogʻa-iniga iblis “soʻkib xumordan chiqarmiding, jagʻiga musht sol!”, deb akaga fitna qildi. Fitna amalga oshgach, ukaga: “ketmonni olib yelkasiga bir tushirgin, esi darrov oʻziga kelib qoladi”, deb vasvasa qildi. Iblisning bir gapini ikki qilishni oʻziga or deb bilgan uka ketmonni qoʻliga oldi. Iblis endi xotinlarga: “Shunday tomoshadan chetda turasanlarmi, aralashlaring, bir-birlaringni yulsalaring bu dunyodan bearmon ketasanlar. Ovsinining sochini yulmagan, yuzini timdalamagan xotin bu dunyoda yashadim, demasa ham boʻladi”, degan qutqu bilan ularni tashlanishga shay qildi. Ammo ketmonning qoʻlga olinishi Iblisning bu rejasini buzib yubordi. Akaning xotini erini himoya qilish, ukaning xotini esa erini bu jinoyatdan toʻxtatib qolish bilan ovora boʻlib qolishdi.

Buni koʻrib turgan usta qoʻlidagi gʻishtni tashladi-da, janjalkashlar tomon yugurdi. Ukaning koʻlidagi ketmonni bir siltashda tortib olib chetga uloqtirdi. Keyin ikkovini akaning omonat qurilgan chaylasi tomon boshladi. Xotinlarni chaylaga yaqinlashtirmadi. Unda anchagacha qolib ketdi. Keyin yonidagi buklama oʻlchagichni oldi-da, har ikkala hovlini oʻlchab chiqdi. Har oʻlchaganda tushuntirib turdi. Nihoyat, oʻrtaga qoziq qoqdi. Aka-uka ixtiyorsiz ravishda bir-biriga qoʻl berib shu ajrimga rozi boʻlishdi-yu, iblisning toʻyini rasvo qilishdi. Iblis bunda yengilsa-da, koʻnglidagi bir ishni bajarib oldi: hamma janjal bilan ovora boʻlib turganida Sattorning uy burchaklariga qoʻygan tangalariga nafasini ufurdi.

Oradan oʻn toʻqqiz yil oʻtib, Obodxon aynan shu uyga kelin boʻlib tushdi.

Usta aka-uka janjaliga befarq qaragan Shavkatdan chinakamiga ranjidi. Shomga qadar poydevorning burchaklarini raso qilib berdi. Kechki ovqatni yemay jomakorini yigʻishtirdi.

-Mulla aka, mening ishim oʻxshamay qoldi. Oʻylab qarasam, yoʻl menga uzoqlik qilar ekan. Men bir kunlik ishimga roziman, siz ham bir kunlik non-tuzingizga rozi boʻling, - dedi-yu, ketdi.

Shavkatning lafz, oqibat, nomardlik degan gaplari javobsiz qolaverdi. Usta Shavkatning nazarida gʻisht teruvchilik hunari bilan roʻzgʻor tebratuvchi omi bir odam edi. Shu bois uning ahdini nodonlikka yoʻyib koʻya qoldi. Boshqa usta topish tashvishiga yoʻliqtirgani uchun bir-ikki kun orqasidan soʻkib yurdi-yu, keyin unutdi. Iblis esa ustaning ketganidan gʻoyat shod edi. Kuvonmasinmi! Axir shu usta ishlayotgan joyga yaqinlashishga yuragi dov bermasdi. Gʻishtni terayotib har “bismillah!” deganida badaniga xuddi oʻtkir mix qoqilganday boʻlardi. Iblisning kuni tugʻdi. Chunki u odam iblis uchun oddiy gʻisht teruvchi emas, oʻn bir yoshidayoq hofizi qur’on martabasiga yetgan iymon egasi - Umar qori edi. Oʻn bir yoshidan beri iblisning jonini qiynayotgan usta oʻsha kuni bir yanglishdi: Shavkatga achchiq qilib ketib qoldi. Iymon egasining vazifasi arazlash emas, da’vat qilib, adashganlarni hidoyat topishlariga yordam qilish ekanini unutdi. Shavkatning johilligiga toqat qilolmadi, sabri ojizlik qildi. Bu gunohini keyinroq anglab yetdi, tavba qildi. Tavbasining qabul boʻlgan-boʻlmagani bizlarga noma’lum, vallohi a’lam!

Subhi sodiq hech bir xonadonga xiyonat qilmay barchanikiga oʻz vaqtida baravar kirib keladi. Bandalarning ayrimlari tong xushxabarini yangi kunga yetkazgani uchun Yaratganga shukrlar qilib kutib olsa, ba’zilari toʻyib uxlab olish qasdida iblisning huzurbahsh choyshabiga burkanganicha qarshilaydi. Oʻrtasi darvozaxona, ikki tomoni bir hildagi uy va ayvondan iborat, hovlining etagi bitta pastak imorat, oshxona, qoʻyxonadan iborat bu xonadon subhi sodiq fazilatini ayniqsa yoz oylari his qilib koʻrmaydi. Faqat nahorgi toʻy yoki ma’raka oshlariga borish bahonasida turiladi. Yuz-koʻl shoshib-pishib yuviladi-da, xuddi doshqozondagi osh u borgunicha tugab qoladiganday yoʻlga tushiladi.

Darvoqe, bayonda adashildi. Bu xonadonda yashovchi bittagina dakang xoʻroz subhi sodiqni qarshilaydi. Qanotlarini patillatib quvonch bilan qichqirgani tufayli uyqusi buzilganlarning qargʻishiga qolsa ham bir necha soat mobaynida hovlida yakkahokimlik qilib gerdayib yuradi. Obodxon uygʻonib, ostonada paydo boʻlishi bilan uning gerdayishi barham topadi. Qirqta tovuqqa ham bas kela oladigan magʻrur xoʻrozning qip-qizil tojidan qon qochib, bir tomonga shalpayibqoladi.

Quyosh terak boʻyi koʻtarildi. Dasturxon ustida nonushta tayyorlab qoʻygan Robiya oshxonada somsa pishirayotgan edi. Toʻlqin somsa pishishini kutmay murabbo choy ichib oʻtirganida toʻngʻichi Salohiddin talabalik kiyimini kiyib chiqdi-da, televizorni yoqdi. Militsiya akademiyasini bu yil bitiradigan Salohiddin uyiga haftada bir-ikki kelib turardi. Kecha shom qorongʻusida kirib kelganida amakisi oilasining tashvishidan xabar topib, oʻzicha “endi zoʻr gʻalvalar boshlansa kerak”, deb oʻylagan edi. U otasidan farqli oʻlaroq, har ikki oila orasidagi munosabatni ziyraklik bilan kuzatar, kelajakda koʻngilni yoritadigan nur koʻrinmayotgani uchun uyga iloji boricha kam kelishga urinardi. Kecha onasi ovsinining qanday baloga uchraganini ayta turib “hamma umid adanglardan, yordam bermasalar biz baloga qolamiz, oʻqishingdagi domlalaringdan surishtirib koʻrgin, ularning tanishlari koʻp boʻladi, ertalab ketishingdan oldin adanglarga senam tushuntir”, degan edi. Salohiddin ota-onasining fe’lini yaxshi bilgani uchun Robiyaning gapiga “xoʻp”, dedi-yu, biroq, murabbo choy ichib oʻtirgan otasiga indamay qoʻya qoldi. Uyqusi yaxshi oʻchmagan kichik ukasi Nuriddinning xoʻroz orqasidan yurishigaqarab oʻtiraverdi.

Qarshidagi uyda ham harakat jonlandi. Sattor yotoqxonadan maykachan chiqib kelib, kechqurun yigʻishtirilmagan dasturxon ustidagi rangli shirin suvdan ichdi-da, kerishib oldi. Keyin labiga sigaret qistirib, tutatdi. Televizorni yoqib, oshxonada turgan xotiniga:

-Choyni oftobda qaynatyapsanmi, boʻlsangchi tezroq, - dedi.

-Hozir, hozirey, gaz oʻlguram pasayib ketdi, - dedi Obodxon norozi ohangda. Soʻng oʻziga oʻzi gapirganday, ammo eri eshita oladigan balandlikda davom etdi:-Somsa pishiryapti shekilli. Shu somsasi oʻlgurni boshqa paytda pishirsa bir joyi kamayib qolarmikin. Atay qiladi bu oʻrgumchak.

Robiya qaynota-qaynonasidan qolgan oshxonadan foydalanardi. Garchi bu oshxona ikki oila hojatini chiqarishga moslab kenggina qilib qurilgan boʻlsa-da, yogʻin-sochin kunlari hovli orqali qatnashga eringan Obodxon ayvonning bir chetini ajratib, gaz plitasi oʻrnatib olgan edi.

Pishgan somsalarni ikki laganchaga solgan Robiya bittasini ochiq turgan deraza orqali eriga uzatib, ikkinchisini koʻtarib Obodxon tomon yurdi.

-Voy, nima qilardingiz, ovora boʻlib, kecha qayningiz zakaz somsa olib kelgan ekanlar, yeyilmay shundayligicha turuvdi-ya!-dedi Obodxon uzatilgan laganchaga istamaygina qoʻl uzatib.

Robiya “ertalabki nasiba”, deb iziga qaytmoqchi edi, Obodxon gapga tutib qoldi:

-Mullakam ja-a kech keldilarmi? Kechagi gapni soʻrab koʻrdingizmi, opa?

Robiya huddi aybdor odamday ovsinidan koʻzini olib qochdi:

-Soʻraydigan mavridi boʻlmadi. Juda charchagan ekanlar. Hozir choy ichib olsinlar, bafurja gaplashaman.

-Soʻrash shunchalik qiyinmi, opa. Hozir choylarini ichvolib yana ishga shoshib qolmasinlar. Kun oʻtgani sayin ish qiyinlashib boraveradi. Yukning ichida ayniydigan mollaram bor, - dedi Obodxon zarda bilan.

-Obodxon, oʻzingiz yuraqoling, birga choy ichamiz.

-Voy, opajonim, hozir tomogʻimdan choy oʻtadimi? Ikki kundan beri nafas olishimning ham tayini yoʻq. Qiltomoq boʻlib qolganga oʻxshayman

-Qoʻying, Xudo saqlasin, sovuq nafas qilmang, - Robiya shunday deb iziga qayta boshladi.

Obodxonning aytadigan gapi tilga koʻchmay qoldi. Til uchiga kelib qolgan zaxar soʻzi tildan uchmasa Obodxon vujudini choʻgʻdek kuydira boshlardi. Bunga yoʻl qoʻymaslik uchun u tezroq chora topishi shart edi. U ovsini berib ketgan laganchani stol ustiga zarda bilan qoʻydi-da, hovliga qaradi. Rayhonlar orasini titib yurgan xoʻrozga koʻzi tushdi-yu, chorani topdi:

-Hoy, Nuriddin! Xoʻrozing oʻlgurni iniga qama, deb nechchi marta aytishim kerak! Qara, hammayoqni titib yubordi-ya, yashshamagur!

Nuriddin kennoyisining ovozini eshitib shoshib qoldi. “Bu rayhonlarni, bu gullarni mening oyim ekkanlar, atrofini ham oʻzlari supuradilar”, degan gap xayoliga ham kelmadi. “Xoʻrozingning kallasini shart uzib tashlayman”, degan poʻpisani koʻp eshitgan bola shu dahshatli ishning amalga oshib qolishidan qoʻrqardi. Xoʻroz ham bu xotinning gapiga tushunadigan boʻlib qolganmi, bolaning kish-kishlashini kutmay katagi tomon yurdi. Obodxon bu manzaraga bir nafas qarab turdi-da zaxarining qolganini ham tashqariga socha qoldi:

-Iloyim tiqilib oʻlgina. Huddi egasiga oʻxshagan bez-a, tavba qildim!

Robiya ovsinining xoʻroz bahonasida baqirgani bejiz emasligini bilsa ham orqasiga oʻgirilmadi. Salohiddinning yoniga oʻtira turib beihtiyor:

-Mol achchigʻi -jon achchigʻi boʻlganidan keyin tomogʻidan albatta ovqat oʻtmaydi-da, - deb qoʻydi.

-Oʻzingcha nimalar deyapsan? - deb ajablandi Toʻlqin.

-Ikki kundan beri oʻz yogʻimga oʻzim qovrilib, ado boʻlyapman, -dedi Robiya nolib. - Keliningiz ertalabdan diydiyosini boshlayapti. U yoqda u meni qovuradi, bu yoqda siz.

-Men seni qovurayotganim yoʻq, - dedi Toʻlqin hotirjamlik bilan, - men indamay choyimni ichib oʻtiribman.

-Ha, siz indamaygina choyingizni ichaverasiz. Keliningizni bilmaysizda, a? Uning tilidan tomgan bir tomchi zahardan yuzta ilon shishib oʻladi.

Toʻlqin qarasa-ki, xotinining avzoyi buzila boshlayapti. Boshqa xotinlarday janjal qilish Robiyaga xos boʻlmasa-da, Toʻlqin uning koʻngliga yengillik berish uchun hazil qildi:

-Gaping toʻgʻri, shuning uchunam bu atroflarda ilon zoti qirilib ketgan. Ovsiningni koʻrsa suratdagi ilonning ham rangi oʻchib ketadi.

Toʻlqin adashdi. Uning hazili xotini xasratini battar alanga oldirdi.

-Masxara qilmang, - dedi Robiya yigʻlamsirab, - oʻsha zaharli nish menga sanchilyapti.

-Xoʻp, nimaqil, deysan?

Ota-onasi oʻrtasida boshlanayotgan bu suhbat ishtirokchisiga aylanmaslik uchun Salohiddin sochiqni olib, labini artdi-da oʻrnidan qoʻzgʻoldi. Oʻgʻlining ahdini anglagan Toʻlqin bir qarashi bilan uni joyiga qaytardi.

-Sen choyingni ichaver, somsadan ol. Qani, ol, - shunday deb oʻzi ham laganchaga qoʻl uzatdi. Keyin xotiniga qarab, oʻsha hazil ohangida davom etdi:- oyijonisi, sen gapiraver. Nima qil, deysan, kelinimning tilini kesib itga tashlaymi? Unaqada bu tilni yegan it zaharlanib oʻlsa, uvoliga oʻzingqolasan.

Toʻlqinning hazil oʻqlari bu safar ham xato ketdi. Robiya qoʻliga sochiq olib xuddi taxlamoqchi boʻlganday silay boshladi. Toʻlqin uning arazi boshlanayotganini sezib, harakatini indamay kuzatdi.

-Men sizga toʻgʻri gapiryapman, - dedi Robiya horgʻinlik bilan. - Shu hovlida tinch yashaylik desangiz, ishini qanday qilib boʻlsa ham toʻgʻirlab bering. Siz erta ketib kech kelasiz, uning qovoq dimogʻiga men qarashim kerak.

-Qaraging kelmasa qarama, - dedi Toʻlqin qoʻliga olgan somsani yana qayta joyiga qoʻyib. - Men oʻsha kuniyoq Sattorga aytganman. Senga kecha ham aytdim: bu ishga aralashmayman.

-Ayniydigan mollari bor ekan...

-Ayniydigan mollari? Eng birinchi ayniydigan mol - uning oʻzi! Toʻgʻri yoʻl bilan kirib kelish kerak edi. Endi menga desa irib-chirib ketsin. Tagʻin ham qonun bunaqalarni asraydi. Aslida...

Toʻlqin aslida nima boʻlishi kerakligini aytishga ulgurmadi. Robiya uning gapini boʻldi:

-Unaqa demang, nima boʻlganda ham jigaringizning oilasi. Men bu xonadonga kelinman. Kelin hammaning koʻziga hamisha yomon koʻrinadi. Bularingiz har qanaqa yomonlikni birinchi mendan koʻrishadi. Agar meni desangiz, oʻsha savil qolgur molini olib berasiz.

Bu shart Toʻlqinga malol kelib xotiniga norozi qiyofada qarab qoldi. Uning nazarida Robiyaning bunaqangi qat’iy tarzda gapirishi nojoiz edi.

“Agar meni desangiz...” Robiya ilgari hech bunaqa demagan edi. Agar ovsini bilan yuz koʻrmas darajada urishib “Yo meni deysiz yo ularni!” desa ehtimol bu shartni bajarish Toʻlqinga uncha ogʻir boʻlmas edi. Hozirgi holat... Robiya ular tomonda. Bu tomonda uning bir oʻzi...

Erining oʻylanibroq qolganini koʻrgan Robiya hujumni davom ettirish maqsadida barmogʻidagi ikki uzukni yechib uning oldiga qoʻydi.

-Bu yana nimasi? - dedi Toʻlqin endi bir oz zardali ohangda.

-Shuni sotib harajatiga ishlatasiz. Bunaqa matoh topiladi. Oradagi oqibatni buzmang.

Bu gap Toʻlqinni portlatib yuborayozdi:

-Nima deding?! Oqibatni men buzyapmanmi? - u shunday deb oʻrnidan turib ketdi.

Otasining qistovi bilan olgan somsani yesammi-emasammi, deb ikkilanib oʻtirgan Salohiddin uni qaytarib joyiga qoʻydi-da, labini yana bir marta sochiqqa artib oʻrnidan turgach, er-xotin orasidagi mojaro oʻz-oʻzidan toʻxtadi.

-Muncha shoshyapsan, hali erta-ku? - dedi Robiya ham oʻrnidan qoʻzgʻolib.

-Kecha avtobus kutib kech qolay dedim. Vaqtliroq bora qolay, - deb bahona qilgan Salohiddin “yolgʻonim sezilib qolmasin”, degan fikrda onasining nigohidan koʻzini olib qochdi.

-Bolaga tinchgina choy ichirmasang, oʻtirib nima qiladi? Boraver, - dedi Toʻlqin oʻgʻliga qarab.

Robiya erining tanbehiga ahamiyat bermay, oʻgʻlining yelkasini siladi.

-Bugun vaqtliroqkelarsan?

-Bugun... - Salohiddin onasiga tayinli javob qaytarishga ikkilandi, - bugun kelolmasam kerak. Tadbirlar bor ekan.

Robiya oʻgʻlining bu bahonasiga ishonganday boʻldi. Oʻgʻli narsalarini olish uchun xonasiga kirgach, eriga qarshi boshlagan hujumini boshqa tomondan davom ettirdi.

-Oxirgi kursdagilar kazarmada bir kun ham qolishmas ekan. Borib gaplashing. Mening bolamni nega hadeb olib qolaverishadi?

-Biz oʻgʻling bilan toʻrt yil avval kelishib olganmiz: men akademiyasiga bormaslikka soʻz berganman.

-Unda oʻzim boraman.

-Agar oʻgʻlingning oʻrtoqlari orasida isnodga qolishini istasang boraver. Oʻgʻlingga bir qara-chi, emish yoshidan oʻtgandir, a?

Salohiddin chiqib, pichingga yarasha javob izlayotgan Robiya chorasiz qoldi. Oʻgʻli yonogʻidan oʻpib xayrlashayotganida Robiya uni bilagidan ushladi:

-Toʻxta, oʻtir, - dedi. Oʻgʻli omonat tarzda oʻtirgach, eriga qaradi:-Adasi, indamay ketavermasin, duoqiling.

Toʻlqinning uzundan uzoq duo qilish salohiyati yoʻq edi. Shu bois qisqagina:

-Omiyn, omadingni bersin, Allohu akbar!-deb qoʻya qoldi.

Bu duodan qoniqmagan Robiya bilganicha davom ettirdi:

-Omiyn, tuproq olsang oltin boʻlsin, oltin boshing Xudoning panohida boʻlsin. Koʻrganing toʻy boʻlsin, yeganing qoʻy boʻlsin. Yomon koʻzlardan Xudoning oʻzi asrasin. Xudo bizga ham yaxshi kelin ato etsin, - duo shu yerga kelganida Robiya boya soʻramoqchi boʻlgan gapini eslab qoldi:-Xolang aytgan qizni qachon borib koʻrasan?

-Imtihondan keyin, oyijon, hozir vaqtim yoʻq.

-Imtihondan keyin, deb yuraver-chi, shunday popukdekkina qiz-a! Birov ilib ketganidan keyin chapagingni chalib, attang, deb qolasan, bola!

Turmoqchi boʻlib oʻrnidan qoʻzgʻolgan Salohiddinni Robiya qaytarmoqchi edi, Toʻlqin aralashdi:

-Gapni choʻzma, bolang shoshilyapti. Duo qilyatuvding. Qani, kelgan joyidan: yegani qoʻy boʻlsin.

Robiya erining kinoyasidan bir oz ranjib, norozilik bilan:

-Mendan kulmang, gapim esimda turibdi, - dedi-da, duoni nihoyasiga yetkazdi:-Omiyn, yoʻllaring hamisha oydin boʻlsin, aka-ukalarning oqibati to qiyomatga qadar mustahkam boʻlsin.

Salohiddin onasini yana bir oʻpib, chiqib ketgach, er-xotin gaplarini yoʻqotganday jim qolishdi. Toʻlqin ishga shoshmayotgan edi, shu sababli yana choy ichish maqsadida joyiga oʻtirdi. Robiya piyolaga choy quyib eriga uzatdi-da:

-Ota boʻlib tuzukroq duo qilishni ham bilmaysiz, - deb gina qilib qoʻydi.

-Shunaqami? - dedi Toʻlqin xotiniga sinovchan qarab. - Sening duoying tilingda, sayrayverasan. Meniki mana bu yerimda, - shunday deb kaftini chap koʻkragiga qoʻydi.

Robiya “shunisiga shukur” deb, yana bir oz jim qoldi. Keyin siniq ovozda soʻradi:

-Oyim rahmatli oʻlishlaridan oldin “oqibatli boʻlinglar”, deb koʻp duo qiluvdilar, esingizdami?

-Esimda... - Toʻlqin horgʻinlik bilan asta uf tortib qoʻydi. Robiya oʻsha siniq ovozda gapini davomqildi:

-Sizlar... bunaqa boʻlib qoldinglar... Duolari qabul boʻlmaganmikin? Voy Xudoyim-ey...

Hozirgina ezgin ruhga tushgan Toʻlqin bu gapdan keyin achchiqlandi:

-Duo qabul etilishi uchun bu yoqdagilarda insof boʻlishi kerak, aql boʻlishi kerak, - dedi balandroqovozda.

-Siz akasiz, tushuntiring.

-Hozir ularning quloqlariga dollar qoʻrgʻoshinday quyilib qolgan. Gap oʻtmaydi.

-Gap oʻtmasa... shunday yuraverasizlarmi?

-Yurishimizga nima boʻlibdi? Ukam salom beradi, men alik olaman. Hozircha shu ham yetadi.

“Shu ham yetarli...” Robiya erining sovuqqonlik bilan aytgan bu gaplariga nima deb e’tiroz bildirishni bilmay lol qoldi. Nima desin: “nahot aka-ukaning munosabatiga shu salom-alik kifoya qilsa? Mehr-oqibatning chegarasi shu darajada tormi?” desinmi? Yoki: “adangiz bilan oyingiz bu qoʻshqanot uyni shu maqsadda qurib sizlarga tashlab ketishganmi?” degani ma’qulmi? Bularni avval aytgan, javobiga erining norozi qarashi bilan taqdirlangan edi. Hozir aytsa ham shundan boʻlak holat yuz bermaydi.

Robiyaning nazarida hovliga bombalar koʻmib tashlanganga oʻxshaydi. Bombalar yoʻqotilish oʻrniga har kuni yana bittadan yoki ikkitadan yangisi koʻmilaveradi. Bechora shu bombalardan birortasini bosib olib portlab ketmayin deb hadiksirab yuradi. Ovsinining moli munosabati bilan yanada koʻp, yanada dahshatli bombalar koʻmildiki, oyoq bosishga endi joy ham qolmadi. Ehtimol shularni aytgani ma’quldir? “Jon adasi, molini bir iloj qilib oldirib bering, boʻlmasa bu bombalar birin-sirin portlashni boshlaydi”, desa-chi? U jon kuydirib aytadigan gaplariga sovuqqon ohangdagi “vahima qilaverma, sen qoʻrqayotgan bombalarning hammasi piyoz poʻstidan yasalgan. Bularning burniga suv kirishi kerak, shunda koʻzlari ochiladi”, degan javobni eshitmaydimi?

Robiya shunday fikrlar bilan gapga taraddudlanib oʻtirganida Toʻlqin hovlidagi katak oldidan jilmayotgan oʻgʻlini chaqirdi. Nuriddin “Labbay adajon, hozir”, dedi-yu, lekin oʻrnidan jilmadi.

Nuriddin oʻn yilga yaqin umr koʻrib, koʻp narsalarga aqli yetadigan boʻldi. Lekin kattalarning gaplari, ishlari, oʻzaro muomalalariga tushuna olmaydi. Hozir ham bir muammoni yecholmay garang: “shunday katta hovli turganida bu xoʻrozni nima uchun katakka qamash kerak? Gullarning orasini titsa nima boʻpti? Shunday chiroyli, gapga tushunadigan aqlli xoʻrozni nima uchun yomon koʻrishadi?” Nuriddin savoliga javob topa olmaydi. Ba’zan shunga oʻxshash savolni kattalardan soʻrasa “hali yoshsan, aqling yetmaydi” degan javobni eshitadi. Aqli yetishi uchun yana necha yil sabr qilib ulgʻayishi lozimligini esa oʻzicha taxminan hisoblab qoʻygan. Sakkiz yoki toʻqqiz yil. Koʻpi bilan oʻn yil. Ana shunda kata boʻladi. Keyin yuzta xoʻroz sotib oladi... Shunday shirin orzu bilan oʻtirgan bolaga otasining chaqirgani, somsa yeyishga taklif qilgani uncha ta’sir etmadi.

Oʻgʻlining indamay oʻtirgani Robiyani picha havotirga solib, u ham chaqirdi. Nuriddin erinibgina oʻrnidan turgan damda televizorda gapirayotgan qizning “Koʻrsatuvimizni tayyorlayotganimizda uzoq Koreyadan xushxabar oldik”, degan soʻzlari er-xotin diqqatini tortdi. Shu paytga qadar undagi gaplarga ham, ashulalarga ham parvo qilmayotgan er-xotinning bu e’tiborlari bejiz emas. Oʻrtancha oʻgʻillari Bahriddin musiqa cholgʻuvchilari tanloviga ketganidan beri Koreya mamlakati tilga olinishi bilan ikkovlarining diqqatlari shu xabarga qaratiladi. Bu safargi xabar ularning tutab turgan tashvishlarini nari surib, koʻngillarida shodlik alangasini yoqib yubordi. Robiya shoshilganicha turib, televizorning ovozini balandlatdi. “Xabaringiz bor, u yerda sharq xalklari orasida keng tarqalgan puflab chalinuvchi cholgʻular ijrochilarining xalqaro koʻrik-tanlovi boʻlayotgan edi. Mazkur tanlovda Milliy konservatoriyamizning birinchi bosqich tolibi Bahriddin Sadirovning nayda ijro etgan kuylari yuqori baholanib, gran-pri - oliy sovringa munosib koʻrildi. Oʻzbek san’atining xalqaro miqyosda e’tirof etilishi barchamiz uchun quvonarli holdir. Bahriddin safarga ketish oldidan studiyamiz mehmoni boʻlgan edi. Hozir videotasmaga yozib olingan suhbatni e’tiboringizga havola qilamiz”.

Shu topda ota-ona uchun atrofdagi barcha ovozlar tindi. Hatto yuraklarining dukuri ham egalariga halal bermaslik uchun tovushini pastlatganday boʻldi. Agar bir kuch dunyodagi borliq shodliklarni toʻplab kelsa Robiya bilan Toʻlqinning quvonchlari huzurida arzimas boʻlib qolarmidi. Ularning bu ondagi holatlarini bayon etmoqqa qalam ojiz. Bunday xushnudlikni farzandi kamolidan mast boʻlgan odamgina his qila oladi.

Robiya televizorning yaqiniga surildi. U oʻgʻlining tasvirini shu televizorga qoʻshib quchoqlagisi kelardi. Agar biron qaygʻu haqida soʻz ketsa “Bunchalar gʻam-alamga yurak qanday chidadi ekan?”, deb qoʻyiladi. Shodlik ham shunday: kishi olam-olam shodlik seli oqimi ostida qolsa yurakning chidashi qiyin. Er-xotinni hozir yuraklarining ahvoli qiziqtirmaydi. Ular uchun hozir dunyoda bitta shu televizor va undagi oʻgʻillarining tasviri mavjud. Dastlab suhbat

quloqlariga ham kirmadi. Tasvirga mahliyo boʻlib oʻtiraverishdi. Quvonch vulqoni sal bosilganday boʻlgach, soʻzlar ham e’tiborlarini tortdi.

-Men xalqaro tanlovda oʻzim ijod qilgan “Sogʻinch” degan kuy bilan ishtirok etmoqchiman, - dedi Bahriddin.

-Kuyning nomini nima uchun “Sogʻinch” deb atadingiz? - deb soʻradi suhbatdosh qiz, - Sizning yoshingizda aytaylik, “Muhabbat navolari” yoki “Ishqim sadolari” deyish toʻgʻriroq boʻlmasmikin? “Sogʻinch...” Agar sir boʻlmasa ayting-chi, qaysi qizni sogʻinib yozgansiz? Balki oʻsha qiz hozir sizga qarab oʻtirgandir?

Bahriddin darrov javob bermadi. Koʻlidagi nayga tikilib turdi. Keyin ota-onasining tikilib turganini bilganday xasta ovozda javob qaytardi:

-Kuy qizga atalmagan... Bu kuy... bobom bilan buvimga boʻlgan sogʻinchim...

Bahriddin yana nayiga tikilib turdi-da, soʻng labiga yaqinlashtirib chala boshladi. Kuy avvaliga uzoqlardan eshitilganday boʻldi. Tasvirda kuyga mos ravishda poyonsiz bogʻlar koʻrindi. Bahriddin nayni goʻyo nafas olmasdan chalayotganday edi. Kuy uzilmasdan davom etardi.

Gullagan bogʻlar umrini yashab boʻldi, hazonrezgi boshlandi...

Tasvir ortida kimdir xazin ohangda she’r oʻqiy boshladi:

She’rning soʻzlarini eshitib Robiya sergak tortdi. Bu soʻzlar unga tanish edi. Qayerda oʻqigani yoki eshitganini darrov eslay olmadi.

Ha, esladi: yozuv stoli ustidagi bir varaq qogʻozga yozilgan she’r edi u. Robiya uni oʻqib gʻoyat ta’sirlangan edi. Oʻgʻlidan “Buni oʻzing yozdingmi?” deb soʻraganida Bahriddin “ha” ham, “yoʻq”, ham demay jilmayib qoʻygan edi. Robiya oʻsha onni yodlab, koʻzlariga yana yosh oldi.

Kuy xayolni oʻgʻirlaydigan sehri bilan suzib yurardi. Uning goʻyo qanotlari bor edi. Tinglovchilarni shu qanotlariga oʻtqazib oʻtmishning xotira dunyosiga uchirib borardi...

Soʻz tindi...

Kuy ham tindi...

Horij atirsovunlarining afzalliklarini maqtovchi reklama boshlandi.

Reklamani eshitishmadi.

Kuy va she’r sehri eltib koʻygan xotira dunyosidan ular qaytganlaricha yoʻq. Bu dunyoning koʻngilga yupanch beruvchi nafasi bilan birgalikda dilni tilim-tilim qiluvchi oshpichoqlari ham bor. Ayni damda oʻsha oshpichoq ishga tushgan, hozirgina shodlikdan joʻshayotgan koʻngillarni qiynoqqa ola boshlagan edi.

Kuyni uygʻotgan tuygʻu - bobosi va buvisi sogʻinchi.

She’riy satrlarni uygʻotgan-chi?

Bunday satrlar mehr-oqibat koʻtarilgan joydagina yozilishi mumkin. Mehrsizlikdan zada boʻlgan koʻngildagina tugʻiladi bu satrlar.

Robiya buni angladi. Anglagani uchun koʻz yoshlarini darrov toʻxtata olmadi. She’r Toʻlqinga ham ta’sir qildi, biroq “buni oʻgʻlim yozgan”, degan fikrdan uzoq boʻlgani uchun mohiyatiga kirib bora olmadi.

* * *

Koreyadan xushxabar kelganini qarshidagi uydagilar ham eshitishdi. Ichkari xonada kiyinayotgan qizlar qiya ochiq eshikdan televizorga qarashdi. Obodxon esa ensasi qotib eridan:

-Voy savil, shu tayoqni puflasa ham mukofot ekanda,a? Qancha berarkan? - deb soʻradi.

-Men qayoqdan bilaman, besh-oʻn ming berar.

-Dollarmi?

-Dollarmi, boshqami, senga nima?

-Menga nimaligini aytaymi? Agar tuzukroq pul olib kelsa, akangizga ayting, pullarni chirt-pirt qilib sovurmasdan bitta hovli-joy olib chiqib ketsin. Siz kenjasiz.Uy hamma joyda ham kenjaga qoladi. Lalaymasdan haqingizni talab qiling.

-Men talab qilaymi? - dedi Sattor jahl bilan.

Shu onda iblis ustalik qildi: Obodxonning qoʻli bilan uning yarasiga tuz sepdi. Iblisning rejasi boʻyicha jahl olovida qovriligan Sattor: “Men aytayinmi unga? Oʻzi aqlini ishlatsa boʻlmaydimi? Agar odamda insof bilan akl boʻlmasa shunaqa bez boʻlib yashab yuraveradi. Unga gapirginu qochgin: darrov haqiqatdan safsata sotadi. U bilan milisa maktabida birga oʻqiganlardan bittasi hozir polkovnik. Qurgan uyini koʻrsang ogʻzing ochilib qoladi. “Akang ahmoq, u oʻziga “haqiqat” degan somon uy qurib olgan”, deydi. Toʻgʻri aytadi. Bu qaynogʻang odam boʻlmaydi”, - deb baqirib berishi kerak edi. Uning bu gaplarini narigi ayvondagilar ham eshitishi shart edi. Keyin voqea shunga qarab iblis yoʻrigʻida davom etaverardi. Lekin iblis sal yanglishdi, ukada oz boʻlsa-da, andisha borligini hisobga olmadi. Bu soʻzlar Sattorning yuragidan otilib chiqqan boʻlsa-da, tilga koʻchishiga ana shu andisha yoʻl bermadi.

Bu orada maktab liboslarini kiyib olgan toʻngʻich qizlari Oftobxon chiqib ularga tanbeh bergan boʻldi:

-Shunaqa paytda biram gapinglar koʻpayib ketadi-ki, eshitgani ham qoʻymaysizlar, - dedi u.

-Nimani eshitasan? - dedi onasi zardali ovozda.

-Bahriddin gapirdi-ku?

-Gapirsa gapiribdi, nima boʻpti, osmon uzilib yerga tushibdimi? Hozir zamon oʻzi shunaqa teskari: qarqunoqdan bulbul chiqadigan boʻlib qolgan.

Oftobxonga bu gaplar yoqmadi: “Voy, oyi-ey” deb qoʻydi norozi ohangda.

-Nima, “oyi-ey!”, - dedi Obodxon zardali ohangidan voz kechmay. - Saharmardonda qayoqqa otlanib olding?

-Sinf rahbarimiz bugun vaqtliroq kelinglar, deganlar. Maslahatli gaplari bor ekan.

-Maslahatni shunaqa saharmardonda qilarkanmi? - deb soʻradi Obodxon qizining gapiga ishonqiramay.

Qiya eshik ostonasida turgan Oynisa bu gapdan keyin ona-bola orasida tutayotgan oʻtga moy sepmoqchi boʻldi. Sattor ichkoʻylakda, sochlari taralmagan holda chiqib kelgan qiziga oʻqrayib qaradi-yu, keyin yuzini burib oldi. Oynisa otasining noroziligini anglamay onasiga yuzlandi:

-Voy, oyijon, qizingiz koʻchada yolgʻiz yurishga qoʻrqadi-ku? Mirshab akajonisi koʻchadagi bobovlardan oʻtqizib qoʻymasa, maktabiga yetib borolmaydi-ku, bechora!

Bu pichingdan gʻazablangan Oftobxon singlisini biqinidan chimchilab oldi. Ogʻriqdan chinqirib yuborgan Oynisa javob qaytarmoqchi edi onasi oʻrtaga tushdi.

-Kir, ichkariga! Yuviqsiz beting bilan chiqma, deb ming marta aytdim, senga.

-Hadeb shuningizning yonini olaverasiz, uning yurishini hamma biladi, - dedi Oynisa yigʻlamsirab.

-Bilsa bilaversin, - Obodxon shunday deyishga dedi-yu, Oftobxonga qovoq uyub qaradi. - Yursa akasi bilan yuribdi. Begonamas, amakisining oʻgʻli.

-Ha... akasi... - Oynisa yangi fitnani boshlamoqchi edi, Sattor unga qarab baqirdi:

-Oʻchir ovozingni! Hamma narsaga burningni tiqaverma, sen qiz.

-Siz aralashmay turing, adasi, - dedi Obodxon.

-Nega aralashmayman. Kecha buning kiygan koʻylakni koʻrdingmi?

-Koʻrgan boʻlsam nima boʻlibdi?

-Ona boʻlib sen indamay men gapiraymi? U koʻylak emas, bir balo-ku! Kindigigacha koʻrinib turibdi-ku?

-Siz aralashmang. Yoshlarning xohishi shu. Xohlaganini kiyadi, - deb bahsga keskin yakun yasagan Obodxon qiziga:-Kir, ichkariga, - deb buyurdi, soʻng toʻngʻichiga yuzlandi:-Hov birda ham qadamingni bilib bos, bu mirshabdan uzoqroq boʻl, devdim, a?

-Hammasi boʻlmagan gap, - deb yigʻlamsiradi Oftobxon, - Bu shpioningiz toʻqiyveradi. Oʻzingiz aytdingiz-ku: biz aka-singilmiz.

-Shunaqami? - dedi Obodxon kinoya bilan. - Yaxshi, toʻyinggacha aka-singil boʻlib yuraver.

Bu gapdan Oftobxon seskanib tushdi:

-Qanaqa toʻy? - deb soʻradi havotir bilan.

-Biz, - Obodxon shunday deb eriga qarab qoʻydi, - seni unashtirib qoʻydik.

-Qanaqasiga? - Oftobxon otasiga najot koʻzi bilan qaradi. Xotinining gapi Sattor uchun ham yangilik edi. Shu bois qizidan koʻzini olib qochdi.Otasining ahvolini anglagan qiz onasiga qarab:-Qachon? - deb soʻradi.

-Bunga ancha yil boʻlgan. Shu kuzda Xudo xohlasa toʻy. Manavi savil qolgur ishim toʻgʻri boʻlsa, puliga Italiyaning mebelini olaman, deb niyat qilib qoʻyganman. Sening seping shu shahardagi eng zoʻr seplardan boʻladi.

Oftobxon hozir sep haqida oʻylaydigan ahvolda emasdi. Uning hatto gapirishga madori ham qolmaganday edi. Jim ham turolmasdi. Shu bois lablari titragan holda:

-Men... hech kimga tegmayman, - deyishga kuch topdi.

-Bu dunyoda erga tegmaydigan qiz boʻlmaydi, bildingmi!-dedi Obodxon qat’iy hukm tarzida.

-Oyi... - dedi Oftobxon yigʻlamsirab.

Obodxon qiziga chimirilib qarab nimadir demoqchi boʻlgan edi, Sattor gapga aralashdi:

-Boʻpti, boraver, maktabingga kech qolma, - dedi. Keyin xotiniga qarab tanbeh berdi:-Bunaqa gaplarni oyoq ustida gaplashmaydi.

Bu tanbeh Obodxonga yoqmasa ham indamadi. Odamlar orasida “yaxshi xotin bitta gapdan qoladi” degan naql yuradi. Obodxonning yaxshimi yo yomon xotin ekanini bilmaymiz-u, ammo yilda uch-toʻrt marta boʻlsa ham bitta gapdan qoladigan vaqtlari topiladi. Alhol shunday olamshumul voqea sodir boʻldikim, Sattor Xudoga shukur qilsa ham arziydi.

Oftobxon araz holatida chiqib ketgach, Sattor xotiniga savol nazari bilan qaradi:

-Ha, xoʻjayin, - dedi piching bilan, - Mensiz qiz unashtiradigan boʻlib qolibsizmi?

-Xah,piching qilmay qoʻya qoling, shu gapga ishondingizmi? Bir popugini pasaytirib qoʻygim keldi-da. Shunaqa deb turmasam, bu qiz oʻlmagurning koʻzi mirshab jiyaningizdan uzilmaydigan boʻlibqolgan.

-Endi shu yetmay turgan edi.

-Ha-da! Maktabni bitirishi bilan uzatib yuborish kerak. Yana uni oʻqisin, deb yurmang.

-Men uni oʻqiydi, debmanmi?

Ularning suhbati shu yerga kelganda televizordagi reklama tugab, yana Bahriddin koʻrindi. Suhbatdosh qiz Bahriddinning qoʻlidagi nayni olib avval u yoq bu yogʻini qaradi, keyin puflab chalmoqchi boʻldi. Oʻzining noshudligidan uyalganday nayni egasiga qaytarib bera turib:

-Ajab va ming marta ajab, - dedi hayajon bilan. - Oddiy daraxt shoxidan ishlangan bu cholgʻudan shunchalar sehr taralsa. Bahriddin, siz bilan bizga ajratilgan yana bir necha daqiqa vaqt bor. Shundan foydalanib yana bir-ikki savol bermoqchiman. Ayting-chi, sizning san’atga kirib kelishingizga kim sababchi? Balki ota-onangiz san’atkor boʻlishgandir?

Bu savolga Bahriddin qisqagina “yoʻq”, deb qoʻydi-yu, lekin Obodxon bunga qoniqmay televizordagi suhbatdosh qizga qarab javray ketdi:

-Ha, ota-onasi naq san’atkorning oʻzi! Otasi surnaychi-yu, onasi karnaychi!-Shunday deb eriga oʻgirildi:-Shuni oʻchirib qoʻysam bir narsa boʻladimi? Shuyam yoniq tursa pul ketadi.

Obodxon erining roziligi yoki e’tirozini kutmasdan oʻz istagini oʻzi bajarib qoʻya qoldi.

-Oʻlguday injiq boʻlib ketyapsan-da. Shu zaharliging uchun aslida siqilib, ozib, choʻp boʻlib ketishing kerak edi, - Sattor shunday dedi-yu, ammo xotinining vazifasi siqilish emas, boshqalarni siqish ekanini oʻylab koʻrmadi. Zotan, boshqalarni siqib sil qilish uchun yaratilgan xotinlardan birontasining shu paytgacha ozganini tarix koʻrmagan. Shunday boʻlsa-da, Obodxonga erining gapi sal ogʻir botdi:

-Shunaqa deb turing-chi, niyatingizga yetib qolarsiz, - dedi mingʻirlab. Keyin birdan qat’iy ohangga oʻtdi:- Qani, choyingizni ichib boʻldingizmi? Turaqoling.

-Ha, yana nima boʻldi. Kechasi jin-pin chalganmi seni? Nima deyaverasan?

-Akangizning oldiga chiqing. Gaplashing. Mehribon yangachangiz kechasi soʻramabdilar. Erchalari charchab kelganmishlar. Kechasi yaxshilab koʻngillarini olgan boʻlsalar, charchoqlari chiqqandir. Men u oʻrgumchak oʻlgurga ishonmayman. Oʻzingiz gaplashing. Ammamning buzogʻiday lalaymay, dangal-dangal gapiring. Agar ishimizni toʻgʻirlab bermasa, biz ham boshqacha gaplashamiz. Shuncha chidaganimiz yetar. Uyni boʻshatib qoʻysin. Siz adangizning xatini talab qiling. Men adam rahmatliga rosa qaraganman. Ishtonlarigacha yuvganman.

-Minnat qilavermagin endi shuni.

-Siz jim oʻtirib, gapimni oxirigacha eshiting: oʻsha xatda adam uyni bizga vasiyat qilgan boʻlishlari kerak. Shuning uchun berkitib yurishibdi.

Sattor chuqur “uf” tortdi-da, yelkasidagi ogʻir vazifa yukini koʻtarishga qiynalganday stolga tiralib turdi:

-Agar uyni bizga xatlagan boʻlsalar u qogʻozdan umidingni uzaver, deganman senga.

-Nega umidimni uzarkanman? - dedi Obodxon uning yoʻlini toʻsib.

-Unaqa xatni koʻrsatadigan ahmoq yoʻq. Allaqachon yoqib yuborishgandir.

-Agar xatni yoqishgan boʻlsa oʻzlari doʻzaxda yonishadi. Yonishmasa rozimasman.

-Qoʻysang-chi.

-Yoʻq, baribir soʻrang. Talab qiling!

* * *

Chap tomondagi ayvonda iblis tantanasi avjga chiqqan pallada oʻng tomondagi uy sohiblari farzandlari kamolidan mast edilar.

-Muborak boʻlsin, onasi, shunaqa boʻlishini istarding, umiding yuz baravar oshigʻi bilan ushaldi chamamda.

-Mendan koʻra... - endi Robiya chinakamiga yigʻlab yubordi. Ovungunicha Toʻlqin unga kulimsirab qarab turdi. - Mendan koʻra adam bilan oyim rahmatli koʻrishsa qanchalar quvonishardi...

-Gaping rost, - dedi Toʻlqin yengil xoʻrsinib, - Balki... ruhlari quvonayotgandir, a? Robi, Bahriddinning qaytishiga tayyorgarlik koʻrib qoʻyishimiz kerakmikin? Ustozlari tabriklab kelar, toʻn kiygʻizmasak boʻlmas. Har holda hurmati-da! Keyin... bir narsani oʻylab yuruvdim...

-Toʻxtab turing, eshitib olaylik, - Robiya shunday dedi-yu, keyin chap tomondagi uy tomon qarab qoldi. - Voy adasi! Voy oʻlmasam!-dedi vahima ohangida. Bu ohang erini bir zum gangitib ham Qoʻydi:

-Ha, nima boʻldi? - dedi Toʻlqin havotirlanib.

-Ukangiz... - Robiya gapini darrov ayta olmadi. Bir qarshi tomondagi ayvonga, bir eriga qarab, endi pastroq ovozda dedi:- televizorlarini oʻchirib qoʻyishdi. Voy oʻlmasam, shungayam ichqoralikmi?..

-Adashyapsan, - dedi Toʻlqin ukasining ayvoni tomon qarab qoʻyib, - ular ertalabdan televizor qoʻyishmaydi. Bugun ham koʻyishmagandi.

Robiya “Voy...” deb e’tiroz bildirmoqchi edi, eri gapirishga qoʻymadi:

-Har narsadan gumonsiraverma. Koʻnglingni sal kengroq qil. Biz keng boʻlsak, ular ham keng boʻlishadi.

Robiya gapni koʻpaytirmay, koʻkragini ushlab “Xoʻp, mayli”, deb qoʻydi. Bundan foydalangan Toʻlqin mavzuni boshqa tomonga burdi:

-Robiya, koʻrding-a, endi oʻgʻlimiz ijod qiladigan odamlar qatoriga qoʻshilib qoldi. Ijodkorlarga alohida sharoit yaratib berish kerak. Bahriddinga alohida xona qilib bermasak boʻlmas.

-Alohida xona, deysizmi? Adam bilan oyimning uylarini moʻljallayapsizmi? Boʻlmaydi.

-Nega?

-Keliningiz omborxonasini osongina bermas. Qoʻying, gapni koʻpaytirmang.

-Unda qoʻyxonani buzib, shinamgina uycha qilib beramiz. Amal-taqal qilib boʻlsayam pionino olish kerak. Bitta nay bilan ish bitmaydi.

Er-xotin bu masalada bir toʻxtamga kelishga ulgurmay ostonada Sattor koʻrindi. Toʻlqin “hoynaxoy yangilikni eshitib tabriklagani kelgandir”, degan xayrli umidda ukasini shodon kutib oldi. Xotiniga “koʻrdingmi, hozirgina yomon gumon qiluvding, ukam unaqalardan emas”, degan ma’noda qarab qoʻyishni ham unutmadi. Ukasi oʻtirgach, undan tabrik soʻzini kutdi. Xotini bergan topshiriqni bajarish xayoli bilan band Sattorda tabriklash niyati yoʻq ekanligini u qayerdan bilsin? Robiya choy quyib qaynisiga uzatdi. Toʻlqin somsa toʻla laganchani u tomon surib qoʻydi. Sattordan sado chiqavermagach, Robiya erining boyagi tanbehli nigohiga “Qalaysiz endi, men haq ekanmanmi?” degan ma’noda qarab qoʻydi. Toʻlqin ukasining nima maqsadda chiqqanini fahmlasa ham bilmaganday oʻtirdi. Sukut uzoq choʻzilishi mumkin emasdi. Shu bois soʻzni oʻzi boshladi:

-Xursandchilikning ustidan chiqding, jiyaning xalqaro tanlovda birinchi oʻrinni olibdi.

-Qaysi biri? - deb soʻradi Sattor bu yangilikni endi eshitayotganday.

-Bahriddin-da, - dedi Toʻlqin ukasiga tikilib. U tergov qilayotgan gumondor shaxsning yoki guvohning gapi toʻgʻri yoki notoʻgʻriligini bilish maqsadida koʻzlariga qattiq tikilardi. Hozir ukasiga shunday qaradi. Sattor bu nigohga dosh berolmay, koʻzlarini olib qochdi. Toʻlqin esa uning holatini sezmaganday gapi ohangini oʻzgartirmadi. - Koreyaga ketganini eshitmaganmiding?

-Eshituvdim-u... - Sattor nima deyishni bilmay chaynaldi. “Kirganimda darrov tabriklab koʻya qolsam boʻlarkan”, deb oʻziga oʻzi tanbeh berdi. Ogʻir vaziyatdan qutulish uchun nimadir deyishi kerak edi. Kallasiga kelgan gapni oʻylab ham oʻtirmay tiliga chiqara qoldi:-nima, u yerdagilar ham nay chalisharkanmi?

-Xuddi biznikiday boʻlmasa ham shunga oʻxshagan cholgʻulari borda, - dedi Toʻlqin.

-Buni bilmabman. Oʻzi telefon qildimi?

Uning bu oʻyini Robiyaga yoqmay, gapga aralashdi:

-Bolam birinchi mukofotni emas, undan ham zoʻrini - “Gran-pri”ni olibdi. Hozir televizorda aytishdi. Butun olam eshitdi-, faxr va gʻurur bilan aytilgan soʻzdan keyin kinoya ham unutilmadi:- Sizning televizoringiz yaxshi ishlamaydi, shekilli, a? Obodxonga ayting, usta chaqirsinlar.

Sattor kinoyaga tushunmaganday kulimsirab, akasiga:

-Yuvarkanmiz-da? - debqoʻydi.

-Yuvish sendan aylansin, ukajon, - dedi Toʻlqin. - Chiqqaning yaxshi boʻldi. Sen bilan maslahatlashadigan gap bor. Mana eshitding, jiyaningning parvozi yaxshi boshlanyapti. Xudo xohlasa, u avlodimiz dovrugʻini butun dunyoga taratadi.. Oynisangning ham ovozi yaxshi. Uniyam shu oʻqishga bersang...

-Be, nima deyapsiz! Mening qizim artist boʻlmaydi!

Bu gap er-xotinga ogʻir botib bir-birlariga qarab olishdi, ammo sir boy berishmadi.

-Oʻzing bilasan, - dedi Toʻlqin choy hoʻplab olib. - Hullas, Bahriddinning yaxshi oʻqib, yaxshi ijod qilishi uchun sharoitini yaxshilab bersam, devdim. Sen xoʻp, desang, qoʻyxonaning oʻrnini buzib, bitta uychaqursam.

Akasining bu gapi Sattor uchun kutilmagan edi: otasining xati, uyning kenjaga qolishi... bu masala qayda-yu, qoʻyxonaning buzilishi qayda! U akasiga ajablanib qaradi. Keyin uning yuzida zaharli kulgu paydo boʻldi. Soʻng tilga kirdi:

-Iy-e, aka, bu gap qiziq boʻldi-ku? Nay chalishga ham alohida xona shartmi? Qayerda boʻlsa puflab yuraveradi-da.

-Sen shunaqa deysan-ku, lekin ijod qiladiganlarga alohida...

Akaning gapi chala qoldi. Iblis Obodxonga betgachoparlik darsini oʻtayotganida Sattorning qulogʻiga ham u-bu kirib qolganmi, har nechuk ba’zan xotinidan qolishmaslika urinib qoʻyadi. Alhol shunday vaziyat vujudga keldi:

-Alohida joy kerak boʻlsa, ana, uchta xonangiz bor, bittasini bering-koʻying.

-Baribirqoʻy boqmayapsan-ku?

-Nega boqmayman? Erta-indin surxondaryolik tanishlar beshta hisori qoʻchqor olib keladigan.

-Shunaqami?.. - Bir sakrab bu uyga oʻtgan iblis Toʻlqinning qulogʻiga: “ukangning shu ablahligi uchun koʻlingdagi piyolani ot! Hech boʻlmasa soʻk! Chidashga haqqing yoʻq!”deb shivirladi. Iblisning baxtsizligini qarangki, Toʻlqin uning vasvasasiga bandi boʻlmadi. Toʻgʻri, oradagi kelishmovchilik jari kengayib bormoqda edi. Biroq, Toʻlqin otasi va onasining “ukangni senga qoldiryapmiz, unga mehringni ber”, degan vasiyatini chetlab oʻta olmasdi. Soʻnggi nafas bilan chiqqan bu soʻzlar uning qalbiga muhrlangan edi. Toʻlqin “Unaqa boʻlsa mayli, ukajon, endi oramizda boshqa gap yoʻq, chiqib ketaverishing mumkin”, degan ma’noda qaradi. Sattor merovlardan emas, bu qarashning ma’nosini uqdi. Indamay chiqib ketadigan lapashanglardan ham emas, akasining ranjiganini sezmaganday muddaosiga koʻcha qoldi:

-Aka, mening chiqqanim... keliningizning ishi nima boʻldi? Bugunga umid bormi?

-Surishtirdim... tanish chiqmay turibdi. Bugundan ham, ertadan ham umid yoʻq.

-Aka, astoydil harakat qilinsa, doʻzaxning ichidan ham tanish topish mumkin.

-Doʻzaxdan deysanmi? Doʻzaxga borish uchun tanish topish shartmasdir, deymanov?

-Endi bu bir gapiy-da, judayam intizor qilib yubormang bizlarni. Uka boʻlib endi ishim tushdi sizga.

-Shunaqami? Toʻgʻri aytasan, bultur qayning qamaladigan boʻlgandayam ishing tushmovdi. Oʻzim tushimda koʻrib, hal qilib beruvdim.

-Voy-boʻ... shu minnat qilishingiz yomonda.

-Minnatmas bu. Gapingga yarasha javob qildim.

-Xoʻp, bizdan oʻtdi, uzr, - Sattor shunday deb, oʻtirgan yerida qulluq qildi. Keyin tersroq ohangda soʻradi:-Nima qilaylik, kutib turaylikmi yo oʻzimiz boraylikmi?

-Menga judayam ishonma. Istasang oʻzingcha harakat qilib koʻr.

-Kennoyi, eshityapsizmi? Boʻsh paytingizda xoʻjayiningizga mehr-oqibatdan ozgina oʻqib qoʻying.

Dunyo ajabtovurda! Orada bahsli muammo yuzaga kelsa, kimda nima boʻlmasa oʻshani boshqalardan talab qilishni boshlaydi. Fohisha boshqalardan insofni, poraxoʻr adolatni, gʻiybatchi vijdonni... talab qilaveradi. Hozir ham ayni holat yuz berdi. Robiya “Mehr-oqibatni avval sizga oʻqitish kerak”, degisi keldi-yu, oʻz ta’biri bilan aytgan bombalardan birining portlab ketishidan choʻchib, oʻzini oʻzi yaxshi gapirishga majburladi:

-Sattorjon, akangiz sizlarga yaxshilik qilmasalar kimga qiladilar? Sizlardan boshqa yana kimlari bor?

-Shuni bilarmikinlar?

Bu gapdan keyin Toʻlqinning qovoqlari uchdi. Xotiniga qaragan edi, uning mehrli nigohida “bitta gapdan qoling” degan ma’noni uqib, unga itoat qildi. Bitta, hatto ikki-uchta gapdan qolishga qurbi yetardi. Lekin behisob gapdan qolish shu paytgacha hech kimga nasib etmagan. Toʻlqin ukasi bilan bahslashishni bas qilish maqsadida bilagidagi soatiga qarab oldi-da, oʻrnidan turdi.

-Ishga ketadigan vaqtim boʻldi, - deb gapni qisqa qildi.

Akasining bu harakatini Sattor “Bor, uyingga joʻna”, degan ma’noda qabul qilib, ogʻringanicha oʻrnidan turdi. Toʻlqin kiyimini almashtirish uchun ichkari xonaga kirdi. Sattor akasining harakatidan ranjib, Robiyaga qarab qoʻydi-da, tashqariga yoʻl oldi. Ikki oʻt orasida qolgan Robiyaning nazarida bu holat bombalarning portlashidan aniq nishona edi.

Oftobxonning Salohiddinga koʻngli borligi haqidagi gumon u chiqib ketganidan keyin unutildi. Chunki bu xonadonga doir undanda muhimroq muammolar bor edi. Sattor qizi bilan jiyani orasida muhabbat tugʻilishi mumkinligiga uncha ishonmasdi. Obodxon ham ishonmas edi, biroq oʻrtancha qizining maktabdan topib kelayotgan gaplari uni ba’zan oʻyga toldirib koʻyardi. U ovsini bilan quda boʻlishini tasavvuriga sigʻdira olmasdi. Obodxonni boshini qotirgan eng muhim narsa - erining jiyani kuyov boʻlsa uning uyga ega chiqish xususindagi koʻp yillik orzularini tiriklayin qabrga koʻmib tashlardi. Kelishgan, koʻrkam yigit - Salohiddin bu oilaga kuyov boʻlishga arzisa-da, uning bu martabaga erishuviga yoʻl qoʻyish mutlaqo mumkin emasdi.

Ba’zi yigitlar ota-onalarining ihtiyorlariga qarshi chiqmay amakilari yoki xolalarining qizlariga uylanaveradilar. Ayrim yigitlar esa yaqin qarindoshlarining qizlarini oʻzlariga tugʻishgan singilday deb bilib, ular bilan turmush qurishni istamaydilar. Qiz qanchalik goʻzal boʻlmasin, xushlarini oʻgʻirlamasin, aka-singillik tuygʻusi ishqiy tuygʻudan balandroq keladi.

Salohiddin shu toifadan edi. Ota-onasi Oftobxonga munosabat masalasida unga biron bir soʻz aytmaganlar, Obodxon singari gumonda ham boʻlmaganlar. Salohiddin onasi, ayniqsa otasi tomonidan shunday taklif boʻlib qolishidan choʻchirdi. Chunki bunday taklifni keskin rad etishga qurbi yetmay qolishi mumkin edi. Ayniqsa keyingi paytlarda ikki oila orasidagi munosabatlarning keskinlashib boruvi uni tashvishga solardi. Qadimda ikki podsholik urushning oldini olish maqsadida quda boʻlisharkan. Salohiddin ota-onasining shu usulni ma’qul topishidan xavotirlanardi. Shu yoshga qadar singlim, deb mehr qoʻyib kelayotganining xotini boʻlishini tasavvur qilishga qiynalardi. Uning uchun eng ogʻir masala - qaynonasining

kim ekani! Agar Obodxonning fe’li-tabiati bunchalar boʻlmasa, aka-singillik tuygʻusidan voz kechishga ehtimolki koʻnardi.

Robiya aytmoqchi, xonadonga bombalar koʻmib tashlanganini Salohiddin ham sezardi. Bombalarning portlay boshlashini onasi kabi u ham havotir bilan kutardi. Bombalarni zararsizlantirish chorasini koʻp oʻylardi, biroq, topolmay qiynalardi. U bir yil oldinoq Akademiya kazarmasidan chiqib, uyda yashash huquqiga ega edi. Bobosi aka-ukaga atab qurib ketgan uydagi kundalik mashmashalar tufayli bu imtiyozdan foydalanmadi. Hademay, oʻqish nihoyasiga yetadi. Shu uyda yashashga majbur. Kennoyisining ilmoqli gaplarini, ba’zan shangʻishini eshitaverish, onasining tashvishli chehrasini koʻraverishdan oʻzga chorasi yoʻq.

Bugun ham atayin vaqtli chiqib ketdi. Koʻchada Oftobxonni kutish, u bilan suhbatlashish niyati yoʻq edi. Guzarga yetay deganda yon koʻchadan kelgan doʻsti Mansurni koʻrib toʻxtashga majbur boʻldi. Otasi-yu, bobosining laqabi “quloq” boʻlgan bu yigit oilaviy an’analariga sodiq edi. Bu laqabga munosib koʻrilishlarining boisi shalpangquloqliklari emas. Sabab - ezmalikni kasb qilganlarida. Kimdir “Bularning gapini eshitish uchun bekorchi quloq kerak, agar quloqning rasmini chizib ketsang ham kifoya - gapidan toʻxtamaydi”, degan, yani kimdir “bular odamning yelkasiga chiqib bemalol oʻtirib olib, quloqqa tepaveradi”, deganu oqibatda avlod oʻziga yarasha laqabga erishgan. Salohiddin Mansur bilan bir sinfda oʻqib darsda jim oʻtirganiga guvoh boʻlmagan. Maktabni bitirish arafasida “darsda kim koʻproq gapiradi, muallimmi yo Mansur-quloqmi?”degan bahs koʻtarilib, muammo gʻoyat murakkabligi sababli yechimsizqolib ketgandi.

-Agar hozir koʻrib qolmasam, akademiyangga qidirib bormoqchi edim, - dedi Mansur unga quchoq ochib.

-Tinchlikmi? - deb soʻradi Salohiddin ajablanib.

-Tinchlik tinchlikmasligini oʻzing bilishing kerak. Har oyning ikkinchi, toʻrtinchi yakshanbasi qanaqa kun? - Mansur shunday deb dono savol bergan kabi ma’noli qaradi.

-Senlar uchun dam olish kuni, - dedi Salohiddin.

-Sen uchunchi?

-Men uchun... agar boshliqlar ruhsat bersa, men uchun ham dam olish.

-Yoʻq, sen bola, quloqqa lagʻmon osma. Tentak boʻlsang - “tentakman”, degin. Har oyning ikkinchi, toʻrtinchi yakshanbasi “ulfatning gapi” ekanini esda saqlash uchun ham aql kerakmi? Seni otaliqqa olgan men ahmoqman. Gapga kelmasang- men aybdorman.

Salohiddin bu kunlarni unutmas edi. Faqat doʻstlari bilan oyda ikki marta oʻtirish unga malol kelardi. Aslida bolalikda orttirgan doʻstdan a’loroq birodar butun umr davomida ham boshqa topilmasligi mumkin. Salohiddin ham ularni qadrlaydi, sogʻinadi. Faqat “gap”deb atalmish ziyofatda ketma-ket taom tortilishiyu, chegi chegarasi yoʻq ezmaliklardan, nomi “askiya” boʻlmish bema’ni masxaralardan bezib ketadi. Tagʻin ham oʻrtoqlari uning oʻqishda band ekanini hisobga olib “ayashadi”. Chunki ulfatning yozilmagan qonuniga koʻra oyda ikki “gap”dan tashqari yana ikki marta choyxonada oʻtirishlari bor. Buning orasida tugʻilgan kunlarni nishonlash, yana “yuvish”ga arzirli bahona boʻla oladigan biron tadbirni nishonlash ham yoʻq emas. Oʻn olti boladan uch-toʻrttasigina tinmay gapirib, boshqalarning toqat bilan oʻtirishlari Salohiddinni bezdirib qoʻygan. Gapiruvchilarning ilgʻori - Mansurga aniq bir mavzu belgilanishi shart emas. Kimdir “Bugun ginekologlarning majlisi boʻlibdi” desa, shu mavzuda sayrashni boshlab beradi. Turgʻunboy deganlari borki, u bir gap boshlasa, oxiriga yetguncha sabrli yuraklarda ham qon koʻpirib ketadi. U bozorda chiroyli bir piyola koʻrganini aytmoqchi boʻlsa, avval piyolaning tarixidan keladi, soʻng shu piyolaning tuprogʻi qayerdan olinganini tahmin qiladi. Xullas, yarim soatlik ma’ruzadan ma’lum boʻladiki, u bozorda piyolani koʻrganu yaxshi jaranglamagani uchun olmagan. Anvarjon degani borki, sochining uchidan to oyogʻining

tirnogʻigacha maqtanishdan iborat. Shu darajada maqtanadiki, oxiri bu maqtovlariga oʻzi ham ishonib ketib, taltayib oʻtiradi. Ulfatlari orasida ma’quli - Doniyor. Eng boʻyi pasti, eng doʻmbogʻi, eng kam gapi ham shu. Lekin kamgapligini serovqatligi bilan suvab ketadi. Uyga kirib, oʻtirishdan to turilguncha oshqozon dod-faryod qilsa qiladiki, ammo jagʻ tushmagur tinmaydi.

Mansur ana shu ulfatlarning navbatdagi yigʻiniga da’vat etish uchun bormoqchi ekan. Salohiddin kelolmasligini aytishga toʻrt marta shaylandi-yu, biroq Mansur quloq solmadi, avvalgi oʻtirishlarda yuz bergan voqealar tafsilotidan boʻshamadi. Salohiddin bir tomondan shoshib turgani, ikkinchi tomondan esa bu tafsilotlar bir yil oldingisidan farq qilmayotgani uchun beshinchi marta uni gapdan toʻxtatishga urindi. Mansur oʻzlari tomon yaqinlashayotgan Oftobxonni koʻrgach, Salohiddinning maqsadini notoʻgʻri anglab, ayyorona koʻz qisib qoʻydi. Salohiddin uchun kutilmaganda birdan gapidan toʻxtadi:

-Boʻpti, bollarga kelolmas ekan, deb qoʻyaveramanmi?

-Bugun poligondagi mashqlarga chiqib ketamiz. Generalning oʻgʻli boʻlganimda ham javob tegmaydi.

-Men-ku aytaveraman. Lekin bunisi uchinchi marta kelmasliging. Oʻzing javob berasan, - Mansur shunday deb poʻpisa qilgach, yaqinlashgan Oftobxonga qaradi:-Oftob, qalay, yaxshimisan? Oyingning mollari chatoq boʻlibdi-da? Ha, mayli, kuyunavermalaring, Xudoning oʻzi ishlaringni oʻnglaydi. Akang poligoniga ketayotganmish, kuzatib koʻya qol.

Mansur ketgach, ikkovlari uning izidan qarab qolishdi. “Oyingning mollari chatoq boʻlibdi-da?” degan gapi ikkovini ham ajablantirdi. “Demak, butun mahallaga yoyilibdi-da, bu yangilik?” Ikkovining ham xayoliga kelgan dastlabki fikr shu boʻldi. “Mahalla bilgan boʻlsa, adam yordam bermasalar yomonotliqqa chiqadilar. Mahalla “mumkinmi yo mumkinmasmi”, deb mulohaza qilib oʻtirmaydi, hukmi shunaqa yomon boʻladi”. Salohiddin shuni oʻylab ezildi. Uning jim qarab turganini koʻrib gapni Oftobxon boshladi:

-Uydan shoshilib chiquvdingiz, ketib qolibsizmi, deb oʻylabman.

-Chiqishga shoshib chiqdimu, lekin oʻqishga borgim kelmayapti, - dedi Salohiddin oʻychan tarzda.

-Poligonga ketyapsizlarmi?

-Yoʻq, bahona qilib qoʻya qoldim. Ertaga “gap”, unga ham borgim yoʻq.

-Nega?

-Bilmadim... Koʻnglimgʻash.

-Uyga ham kelgingiz kelmayaptimi?

Bu savol Salohiddindagi oʻychanlikni quvib sergaklantirdi:

-Qayerdan bilding? - deb qizning koʻzlariga tikildi. Oftobxon bu qarashga dosh berolmay koʻzlarini yergaqadadi.

-Mening ham uyda oʻtirgim kelmayapti... bir yoqlarga qochib ketgim keladi, - dedi aybdor odamning ovozi bilan.

-Unaqa dema, sen qiz bolasan, - Salohiddin shu gap bilan qizning koʻngliga dalda bermoqchi edi, aksi boʻlib chiqdi. Oftobxon achchiqlandi:

-Nima, qiz bola odam emasmi? Qiz bolaning eziladigan yuragi yoʻqmi? Qiz bola koʻrmi yo karmi? Siz koʻrgan, eshitgan narsalarni koʻrmaydimi, eshitmaydimi? - Titroq lablardan uchgan bu savolga Salohiddin javob qaytara olmadi. Oyoqlarining uchiga tikilganicha asta yurib boraverdi. Undan javob kutib betoqatlangan Oftobxon:

-Gapiring, nega jimib qoldingiz? - dedi.

-Hamma gapni oʻzing aytib boʻlding-ku? - dedi Salohiddin unga qaramay.

-Oyim bilan kennoyim, mayli, ovsin degan nomlari boʻlgani bilan, aslida bir-birlariga begona. Lekin amakim bilan adam-chi? Nega munosabatlari borgan sayin sovuqlashib ketyapti?

-Bilmayman...

-Ular hatto bir-birimizni aka-singilday yaxshi koʻrishimizga ham ishonishmaydi.

-“Ular” deganing kimlar?

-Oyim... adamham. Balki...

Salohiddin qizga yalt etib qarab, gapini boʻldi:

-Biznikida bunaqa gap yoʻq.

-Men bir narsani oʻyladim: ikkalamiz oʻn-oʻn besh kunga biron yoqqa qochib ketaylik, keyin shart koʻyaylik: “Bir-birlaringiz bilan ahil tursangizlar biz qaytib kelib, sizlar bilan yashaymiz”, deymiz.

Salohiddin toʻxtab bu qizni endi koʻrayotganday boshdan oyoq qarab chiqdi. Oftobxon bu qarashning ma’nosiga tushunmay oʻngʻaysizlandi.

-Keyin-chi? - deb soʻradi Salohiddin. Qiz “bilmadim” degan ma’noda yelka qisib qoʻygach, bir oz zardali ohangda yana soʻradi:-Esing joyidami? Kallaga kelgan gapni aytaverasanmi? Men-ku, mayli. sen-chi?

-Menga nima boʻlibdi?

-Uyidan qochib ketgan qizni keyin kim oladi?

-Olmasa olmas. Erga tegmay oʻtarman bu dunyosidan. Mening ham bolalarim bir-birlariga shunaqa bemehr boʻladigan boʻlishsa erga ham tegmayman, bola ham tugʻmayman.

Qizdan bunday ahdni kutmagan Salohiddin unga e’tiroz bildirishni ham, koʻllashni ham bilmay jim qoldi. Keyin gapni hazilga burishni ma’qul topdi:

-Toʻgʻri qilasan. Maktabni bitirib olguningcha erga tegmay tur.

Salohiddin yana bir marta adashdi. Oftobxon arazlab yuzini burib oldi.

-Men sizni odam deb gapirsam, masxara qilasiz-a!-dedi arazlab.

-Unda sen ham oʻylab gapirgin. Bogʻcha bolasi emassan. Sen-chi... oying uzataman, desalar darrov koʻnibkoʻyaver.

-Boring-e...

Qiz bolaga toʻydan gap ochilsa koʻpincha nozliroq ravishda shunday javob qaytaradi. Toʻyga tezroq yetish orzusi borligini yashirishga urinadi-yu, ba’zan uddasidan chiqolmaydi. Javobdagi noz oshkora qilib qoʻyadi. Oftobxonning hozirgi javobida noz yoʻq edi. Aksincha, zarda bor edi. Koʻngil istagiga mos ravishda gaplasha oladigan kishisidan shunday bachkana maslahatning chiqishi uning ranjishiga asos boʻla olardi.

Salohiddin qizning “boring-e”sini odatdagi noz deb anglab, fikrining toʻgʻriligini isbot etmoqchi boʻldi:

-Jiddiy aytyapman. Balki toʻy bahona oradagi gina-kuduratlar koʻtarilib ketar.

-Unda siz uylanavering. Lekin... bilishimcha... toʻy bahonasida yashirin ginalar ochiq janjallarga aylanishi ham mumkin ekan. Buni oʻylamadingizmi?

-Koʻp oʻylaganman buni, - Salohiddin shunday deb gardanini qashigan boʻldi:-Ayniqsa men uylanadigan boʻlsam albatta bir ishkal chiqadi. Agar dadam hovlining etagiga uy solaman, desalar amakim xoʻp deya qolmasalar kerak.

Ajoyibotni qarangki, huddi shu fikr Oftobxonning xayoliga ham kelgan edi. Yana ajoyibotni qarangki, ayni shu damda Toʻlqin bilan Sattor qoʻyxona oʻrniga uycha solish masalasini gaplashishayotgan edi.

Oftobxon amakivachchasining gapini bosh irgʻab tasdiqlagan boʻlib, xoʻrsindi.

-Ha, nega xoʻrsinibqolding?

-Agar rishtaning uzilishini toʻy toʻxtata olmasa... balki... oʻlim toʻxtatar?

Bu gap Salohiddinning miyasiga gurzi boʻlib urilib, tovoniga qadar zirillatib yubordi. Toʻxtab, qizning koʻzlariga qaradi. Kulib turish yarashadigan bu koʻzlarni ma’yuslik pardasi

qoplagandi. Bunday gapni koʻz yoshlarisiz aytmoqlikdan qoʻrqqulik edi. Chunki koʻz yoshlari nochorlik darakchilaridir. Oftobxonning ma’yus koʻzlarida esa qasd yashiringandi.

-Sen bu gapni... umuman tilingga olma, tushundingmi!-dedi Salohiddin tanbeh ohangida.

-Odamlar oʻlimdan qoʻrqishadi, - dedi Oftobxon uning gapini eshitmaganday. - Hayotda hamma masalalarni yechib beradigan osongina chora - oʻlim. Siz oʻlim haqida hech oʻylaganmisiz? - Qiz savol berishga berib javob kutmadi, fikrini davom ettirdi. - Siz oʻldirganlar haqida oʻylaysiz, ularni ushlash chorasini qidirasiz. Odamlarga hayron boʻlaman. Yashayverib, qiynalib ketishadi, hasrat qilaverishadi. Nahot roʻparalarida oson yoʻl turganini koʻrishmaydi. Shunaqa yoʻl borligini bilganlar ham aytishmaydi. Nega?

-Oftob! Bunaqa bema’ni narsalarni oʻylama!

-Buning nimasi bema’ni? - Qiz yigitning koʻzlariga tikildi. Unda havotir koʻrib, quvondi. - Oʻlimni hurmat qilish kerak. Uning yaxshiliklari koʻp. Qiziq, a? Bu dunyoda oʻzing xohlaganingcha yasholmaysan, oʻzing istaganingcha oʻlolmaysan. Biz oʻz istagimiz bilan bu dunyoga kelmaganmiz. Oʻz xohishimizcha ketishimiz mumkin, lekin ketmaymiz.

-Oftob, boʻldiqil!

-Bu mening gaplarim emas, bitta kitobda oʻqiganman, shu esimmga kelib qoldi. Chindanam ahmaqona gaplar, - qiz shunday deb jilmayishga harakat qildi. Lekin uning bu jilmayishi ham ma’yuslik tutuni ortida edi. Salohiddin bu tutun pardani payqamay koʻngli sal joyiga tushdi. Oftobxon yolgʻon gapirgan edi. Bularni hech bir kitobda oʻqimagandi. Hozir tiliga koʻchgan soʻzlari uyqusiz tunlari xayolini bezovta qilgan fikrlarining mahsuli edi.

Ular bir oz jim ketdilar. Salohiddin qizning kayfiyatiga mos bir gap izladi-yu, topolmadi.

-Ibtidoiy odamlarga havasim kelyapti, - Oftobxon shunday deb yana xoʻrsindi. - Biz oʻzimizni aqlli, ziyoli, madaniyatli deb, ularni esa yarim yovvoyi deymiz. Lekin ular ota-onalaridan qolgan merosni talashishmagandir? Bitta gʻordami yo chayladami yashab, topganini oʻrtada boʻlib yeyishgan. Men ba’zan oʻsha zamonga qaytgim keladi. Xudo haqqi, agar shunaqa imkoniyat tugʻilsa, oʻylab oʻtirmay qaytardim. Sizda-chi, sizda ham shunaqa orzu boʻladimi?

Salohiddinga uning bu safargi orzusi kulgili tuyildi. Qizni ezgin kayfiyat jaridan tortib olish maqsadida hazil qildi:

-Menda bunaqa xomxayollar boʻlmaydi, - dedi u jilmayib. - Chunki u davrga qaytsam men ishsiz qolaman. Lekin sen... agar imkoniyat tugʻilsa boraver. Oyingni ham olvolsang, oʻsha yoqdan ul-bul olib kelib sotib turadilar. Har holda ibtidoiy davrda mol arzon boʻlsa kerak.

Oh! Bu toʻmtoq hazilni iblis orzuqib kutayotgan edi-ya!

Iblis oʻzaro yaxshi munosabatda boʻlgan yoshlarning orasini buza olsa, qachonlardir quvilgani jannatga yana qaytib tushganday zavq oladi. Iblis doʻstlikdan shunday bezillaydi-ki, yaxshi va yaqin munosabatni koʻrganida huddi tikonzor boʻylab yalangoyoq yugurganday azob chekadi. Yoshlarning atrofida yurib yalinadi: “qalbingizdan bir ozgina joy bering, sizga yomonlik qilmayman, yaxshi narsalarni koʻrsataman, men tufayli siz lazzatli hayot kechirasiz...” Nadomatkim, ba’zan yalinishlari ish berib ham qoladi. Salohiddin bilan Oftobxon bu toifadan boʻlmasa-da, iblis ulardan koʻnglini uza olmasdi. Izlaridan qolmasdi. Vasvasadan tolmasdi. Hozir umid bilan Salohiddinga “qizning dardini hazil bilan yengillatish mumkin, bu gaplari aytgin”, deb shivirladi. Yoshlikka hos nodonligi tufayli yigit qutquga itoat etdi va oqibat oʻzini qiz roʻparasida nochor ahvolda koʻrdi.

Oftobxon amakivachchasining gapini eshitgach yigʻlab yuboray dedi. Avvaliga shart burilib ketvorgisi keldi. Lekin iblis bunga yoʻl qoʻymadi, vasvasa qildi: “Indamay ketma, hech boʻlmasa “ahmoq ekansan!” deb ayt!” Oftobxon unga toʻla itoat etmasa-da, andishaning oti koʻrqoq boʻlishini lozim koʻrmadi:

-Siz... mening oyimni masxara qilmang, - dedi yigʻlamsirab. - Tijorat qilayotgan boʻlsalar halol mehnatlari bilan topyaptilar.

Iblis qopqoniga ilinib pand yegan Salohiddin endi undan chiqib, oʻzini oqlash chorasini izladi:

-Oftob, - dedi yalinish ohangida, - hazillashdim-ku, shunga ham jahling chiqdimi?

-Bu gapingiz hazil emas. Siz ham, amakim ham, kennayim ham, hammangiz oyimni yomon koʻrasiz. Balki oyimning yomon odatlari bordir. Lekin u mening onam!-Shu gapni aytayotganida Oftobxon ovozidagi titroq yoʻqoldi, gʻurur ohangi yangradi. Salohiddin buni sezdi, hozirgi xatosining oʻzi oʻylagandan ham ayanchli ekanini ham his etdi. Oʻzini oqlash uchun soʻz aytmoqchi boʻlganida qiz gapirtirmadi:-Tushunyapsizmi? U mening onam!-Bu safar yanada dadilroq va yanada faxr bilan aytdi. - Men qiz bola boʻlsam ham, sizga oʻxshagan milisa boʻlmasam ham... - Endi qizning gaplarida onasining kinoyali ohangi sezildi:-oyimni oyoqosti qilishinglarga yoʻl qoʻymayman. Oyim choʻmichlarini koʻtarib sizlarning qozonlaringiz tepasida oʻtirib olganlari yoʻq. Oyimni gapirgandan koʻra adangizga ayting, jigarlari yomon boʻlishsa ham bizga ozgina qayishsinlar. Bitta ishimiz tushgan ekan ikki kundan beri hammamizni sargʻaytiradilar.

Oftobxon bu gaplarni aytayotganda Salohiddinning koʻz oldiga kennoyisi keldi. Nazarida bu gaplarni qiz emas, uning onasi aytayotganday tuyuldi, hatto koʻzlarini bir yumib ochdi. Qizni ovutish maqsadida bilagidan asta ushladi:

-Oftob, - deb asta siltadi, - Oftob, shu gaplarni hech boʻlmasa sen gapirmagin. Sen bilan men boshqacha odamlarmiz-ku?

-Qanaqasiga boshqacha odamlarmiz? - dedi qiz zardasini bas qilmay. - Men oyimning qiziman. Siz - ota oʻgʻilsiz!

-Oftob, iltimos, jahling chiqmasin. Men sening bu gaplaringga xafa emasman. Sen ham hazilimga xafa boʻlmagin.

Aytadiganini aytib iblisni quvontirgan Oftobxon endi shart burildi-da:

-Yaxshi oʻqib keling, boʻlajak leytenant!-deb tez-tez yurib ketdi.

Salohiddin uning izidan borib toʻxtatmoqchi, shashtidan qaytarmoqchi boʻldi. Bir qadam bosdi ham, lekin fikridan qaytib turgan yerida:

-Bugun Sherbuloqqa bormoqchiman, xohlasang birga yura qol, - dedi.

Oftobxon bu gapni eshitdi. Yigitning tamoman yengilganidan qanoat hosil qildi. Toʻxtab, orqasiga qaramoqchi ham boʻldi. Lekin iblisning “esing bormi, nega qaraysan, ahmoqligi uchun endi oʻzining yogʻiga oʻzi qovrilib yuraversin. Sen bopladingmi, endi boʻshashma!” degan da’vatiga amal qildi.

Toʻlqin ba’zan ajablanib qoladi. Bu taqdir yozugʻimi yoki omadsizligimi, farqlay olmaydi. Dunyoviy fikr bilan chegaralangani uchun oʻzicha “taqdir hazili boʻlsa kerak”, deb qoʻyadi. Boshqa hamkasblari yuritgan jinoiy ishlarga havasi kelgan paytlar ham yoʻq emas. Gap shundaki, qoʻli uzunroq janoblardan biri u yuritgan ishlardan hech boʻlmasa beshtadan ikkitasiga aralashib, jinoyatchini qutqarib olish maqsadida uni gangitib yuboradi. Bu safar ham shunday boʻldi. Bozorda qoʻlga olinganlar orasida oliftaroq kiyingan, oʻzini kattaroq tutayotgan yigitchaga qarab: “shuning bir balosi bor”, deb qoʻygan edi, adashmabdi. Birinchi soʻroqda himoyachi kelmagunicha gapirmasligini ma’lum qilganidayoq, ishi oson kechmasligini angladi. “Bu bola jinoiy ish yuritish jarayonini qayerdan biladi?” degan savoliga javob topish uchun uchchala yigitchaning oʻtmishini aniqlashni jinoyatga doir qidiruv boʻlimi noziriga topshirganda masala sal oydinlashganday boʻldi.

-Bittasini taniyman, hali bozorda aytmoqchiydim, koʻpchilik oldida indamay qoʻyaqoldim. Shu bolaning ishini uncha chigallashtirmaganingiz yaxshi. Otasi ancha hurmatli odamlardan.

Bu gap Toʻlqinni ham sergaklantirdi, ham jahlini chiqardi. Boʻlimga yaqinda ishga oʻtgan bu yigitni yaxshi bilmasdi, shuning uchun sir boy bermay arqonni uzun tashladi. Gap qaysi bola haqida ketayotganini tahmin qilsa ham:

-Qaysi birini aytyapsiz? - deb soʻradi.

-Sanjar Oʻlmasovni aytyapman.

-Bashang kiyingan, uzunimi? - deb qayta soʻradi Toʻlqin.

-Ha, oʻshanisi.

-Uni taniysizmi?

-Qoʻshni tumanda uchastka noziri boʻlib ishlaganimda bultur shunga oʻxshagan ish bilan qoʻlga tushuvdi.Otasi xamirdan qil sugʻurganday qilib qutqarib oldi. Tergov boʻlimi sal qarshilik qilganday boʻluvdi, ularning shoʻrini quritdi.

-Bizning ham shoʻrimiz quriydiganga oʻxshab qoldimi? - deb piching qildi Toʻlqin. Lekin nozir bu ohangni anglamay:

-Hurmatingiz bor, pachakilashmang, demoqchiman, - dedi.

-Menga qarang, uka, ismingiz Qoʻrqmasmidi? Adangiz yaxshi ism qoʻygan ekanlar-u, har hil odamlardan koʻrqib yurmasin, deb duo qilmagan ekanlarda, a?

-Men qoʻrqayotganim yoʻq. Sizni ogohlantirdim. U bolaning otasi siz aytgan “har xil odamlar”dan emas.

-Ogohlantirganingiz uchun rahmat. Endi boshliq nomiga bildirgini oʻzingiz yozasizmi yo men yozayinmi?

-Qanaqa bildirgi? - deb hayron boʻldi Qoʻrqmas.

-Hozircha bu jinoiy ishni yuritish jarayonidan chetlatish masalasida. Keyin umuman bu sohadan ketish toʻgʻrisida. Yosh ekansiz, umringizni bekor oʻtkazmang bu yerda.

-Aka, meni ishga siz qabul qilmagansiz. Bu sohadan ketishim ham sizning gapingiz bilan boʻlmaydi.

-Bilaman. Lekin hozirgi ish jarayonidan chetlatilishingiz mening gapim bilan boʻladi.

Bu noxush suhbatdan soʻng bolalarning oʻtmishi bilan Toʻlqinning oʻzi shugʻullangan edi. Jinoiy ish ochishga ijozat beruvchi prokuror hujjatga darrov imzo chekmayoganidan Qoʻrqmas ogohlantirgan uzun va baquvvat qoʻlning harakatga kelganini sezdi. Prokuror maqsadni ochiq aytmasa ham “jinoiy ish ochishga shoshilmayapsizmi?” deganday gap qilgan edi, Toʻlqinning dalillari oldida ojizqoldi.

Sanjar Oʻlmasovni bugun himoyachisi ishtirokida tergov qilishni tayinlagan Toʻlqin ishga barvaqt kelib, xayolini chalgʻitadigan gaplarga oʻralashib, chalgʻib qolmaslik uchun belgilangan soatga bormoqchi edi. Ukasi bilan boshlangan noxush suhbatdan tezroq qutilish uchun nonushtani ham nihoyasiga yetkazmadi. Shoshilmayotgani uchun avtubus bekatida toʻxtamay asta piyoda ketdi. Qator qilib qurilgan uylarga razm soldi. Salkam qirq yil avval barpo boʻlgan mahalla yangi oʻzgarish pallasiga kirgan edi. Poydevor tiklanganda bir quvongan, uyning tomi yopilganda Xudoga shukurlar qilgancha, chalasini kelgusi yili bitkazib olarmiz, degan niyatda qorasuvoq xonalarga koʻchib kirib, quvonchdan koʻzlari yoshlangan avlodning koʻpchiligi bu dunyoda yoʻq. Chakka oʻtib turuvchi uylarda bolaligi kechgan yangi avlodga ota-onalari qurib ketgan binolar kichik va xunuk koʻringani uchun buzib, dangʻillama imoratlar tiklashni boshlaganlar. Toʻlqin shu imoratlarga qarab ba’zan oʻylanadi: “puli bor ekan, mayli quraversin. Lekin bu qadar bahaybat xonalarning nima keragi bor? Pul topish uchun oʻzini oʻtga-choʻqqa urmasdan, boylikka yetishaman, deb birovlarni bosib-yanchib oʻtmasdan tinch yashasalar boʻlmasmikin?” Toʻlqin bunday baland imoratlar qurilishga berilish qiyomat xabari belgilaridan ekanligi haqidagi sharafli

hadisni eshitmagan. Bilganida edi, boshqacharoq fikrlagan boʻlardi. “Uyni buzdirayotganlar bu devorlar suvogʻida ota-onalari panjalarining izlari qolganini fahm etarmikinlar? Uy bilan birga xotiraning katta bir qismi ham oʻlimga mahkum etilganini-chi?” Toʻlqin hozir shularni oʻylaydi.

Piyoda yurishni ixtiyor etganda avtobusning kechikishini hisobga olmagan ekan, shu bois oʻzi belgilagan paytga yetib kelolmadi. Advokatning ma’noli tarzda soatiga qarab qoʻyganini sezmaganday iliq salomlashib, xonasiga taklif qildi, soʻng soqchiga mahbusni olib kelishni buyurdi.

Otasi qanotida erkin yashashga oʻrgangan Sanjar Oʻlmasovga ikki kunlik qamoq oʻz ta’sirini oʻtkazgan edi. Otasi yordamida tez orada qutilib ketishiga ishongani sababli vaqtinchalik qamoqxonadagi qattiq oʻrindiqda ikki kecha yotish uning uchun gʻoyat ogʻir jazo boʻlib tuyulgandi. Toʻlqin ortiqcha gap-soʻz qilib oʻtirmadi-da, advokatni tanishtirib, tergovni boshladi:

-Atham Sindorov bilan qachon va qayerda tanishgansan?

-Qanaqa Atham, qanaqa Sindorov? Mening bunaqa ogʻaynim yoʻq!-deb baqirgan Sanjar “Toʻgʻri qildimmi?” deganday himoyachisiga qarab oldi. Himoyachi bu qarashning ma’nosini anglamaganday unga biron bir ishora qilmadi. Toʻlqin baqirgani uchun yigitchaga tanbeh berishi mumkin edi, lekin bunaqangi hollarni koʻp koʻrgani sababli e’tibor bermaganday tergovni hotirjam tarzda davom ettirdi:

-Ehtimol shunaqa ogʻayning yoʻqdir. Lekin sheriging bor... - shunday deb qogʻozlar taxlami orasidan bir varaqni ajratib olib, oʻqidi:-Atham Sindorov, 1985 yilda tugʻilgan. Sendan bir yosh kichik ekan, a? Lekin hayot tajribasi senikidan koʻproq. 2001 yilda oʻgʻirlik uchun qamalgan. Qulf ochishga usta boʻlgani uchun qamoqxonada “Maestro” deb laqab berishgan. Senam shunday deb chaqirarmiding?

Bu savoldan keyin Sanjar himoyachisi bilan koʻz urishtirib oldi. Toʻlqin advokatning labini sal qimtib bosh chayqaganini sezib, yigitchadan javob kutmay, yana qogʻozga tikildi:

-Amnistiya tufayli qamoqdan mudatidan avval ozod qilingan. Mana shu bir oy ichida oltita mashinaning qulfini sening koʻrsatmang boʻyicha ochib berganini boʻyniga oldi. Meni qiziqtirayotgan narsa - u bilan 2001 yildan avval ham tanishliging bormidi yo qamoqdan chiqqanidan keyin osh-qatiq boʻlib qoldingmi? Javob ber, advokating ham eshitsinlar.

-Agar mashina qulfini ochgan boʻlsa, oʻzidan soʻrayvering, men unaqa bolani tanimayman.

-Senlarni qoʻlga olganimizda uchchovlaring birga edinglar-ku, yo buni ham rad etasanmi?

-Men oʻsha yerdan oʻtib ketayotgan edim, toʻpalon boshlanganida qiziqib qarayman desam, odamlaringiz hovliqishib meni ham ushlab olishdi.

-Mening odamlarim bekorga hovliqishmaydi, sening toʻpalonga qiziqishingni videotasmadagi tasvir koʻrsatib turibdi. Hali shahar turmasiga oʻtganingda burningni yerga ishqashsa esing joyiga kelib qolar.

-Men norozilik bildiraman, - dedi advokat keskin ohangda. - Siz tergov yuritish jarayonini koʻpol ravishda buzyapsiz. Siz mijozimga tahdid qilyapsiz.

Toʻlqin unga javob qaytarishga ulgurmay eshik taqillab, keyin qiya ochilib, Qoʻrqmasning yuzi koʻrindi.

-Mumkinmi, Toʻlqin aka? - Ruhsat soʻrashga soʻradi-yu, ijozat boʻlishini kutmay, ichkariga bir qadam qoʻydi. Kecha boshliq bilan gaplashgan Toʻlqin uni bu ishdan rasman chetlatgan edi. Shunga qaramay tergov chogʻida uning suqilib kirishi gʻashini keltirib dagʻallik bilan:

-Yoʻq, mumkin emas!-dedi.

-Bir ogʻizgina gap? - deb u yana bir qadam qoʻydi.

-Sizga “mumkin emas”, deyildi, chiqing, - Toʻlqin oʻqrayib qaraganicha uning chiqib ketishini kutdi. Eshik tashqaridan yopilgach, advokatga yuzlandi:-Siz shu gapni tahdid deyapsizmi?

Ayting-chi, janob himoyachi, - Toʻlqin “janob himoyachi” soʻziga kinoya urgʻusini berdi:-mashinangiz bormi?

-Bor, nima edi?

-Shunchaki soʻradim. Har holda mashinangiz hali oʻgʻrilar qoʻliga tushmagan boʻlsa kerak. Agar biron nimangizni oʻmarib ketishganda menga boshqacha da’vo qilardingiz. “Urib boʻlsa ham, oʻldirib boʻlsa ham boʻyniga qoʻying, qamang, sharmandasini chiqaring”, derdingiz ehtimol. Hayronman, oʻgʻrini himoya qilishga vijdoningiz qanday yoʻl qoʻyarkin?

Odamzotning fe’li qiziq: ba’zan “haqiqat bormi!” deb ayyuhannos soladi, ba’zan esa haqiqatga roʻpara kelganiga qaramay uni tan olgisi kelmaydi. Sutning oq ekanini koʻrib turib yo “qora” deydi, juda boʻlmasa “nega endi sut jigarrang emas?” deb gapni aylantira boshlaydi. Advokat hozir shunday holatda edi. Tergovchi tomonidan aytilgan toʻgʻri gapni odam sifatida qabul qilsa ham vazifasi nuqtai nazaridan inkor etishga majbur edi. Shu bois Toʻlqinga tik qaramay gapirdi:

-Siz chegaradan chiqyapsiz. Men prokurorga shikoyat qilishga majbur boʻlaman. Siz oʻz ishingizni qiling, men oʻz ishim bilan boʻlay. Vijdon haqida keyin alohida gaplasharmiz. Bu yerda vijdondan ham muhimroq narsa - qonun bor. Qonunni buzmasligingizni talab qilaman!

U shunday deb talab qilgani bilan gapi ohangida qat’iylik yoʻq edi. Shu bois Toʻlqinning ensasiqotdi:

-Siz mutlaqo haqsiz, janob himoyachi, - dedi u advokatga tik qarab. - Hamma balo ham aynan shu nuqtaga yigʻiladi. Bu muhtaram janobchamiz qonun boʻyicha himoyachi yollashga haqlilar. Siz esa kim boʻlsa boʻlsin uni himoya qilishga haqlisiz. Mening esa bu haqlarni muhokama etishga mutlaqo haqqim yoʻq. Aybdorni jinoyat ustida ushlasam ham isbot etishni talab qilishadi. Bu janobchangiz avvalgi yili bir yuz oltmish toʻrtinchi modda bilan ketadigan paytda ana shu isbot degan narsa sal yetishmay qolib, qutilib ketganlar. Buni mendan koʻra oʻzingiz yaxshiroq bilasiz. Oʻtgan safar a’lo darajada himoya qilgan ekansiz, qoyilman.

Toʻlqin keyingi gaplarni gapirayotganda Sanjarga qarab, undan anchagacha koʻzini uzmadi. Bu qarash yigitchaning badanini ilma-teshik qilib yuborganday besaranjom boʻldi. Oxiri oʻzini tutolmay:

-Tuhmat qilmang, men u kishining uyiga kirmaganman, - deb yubordi.

-Eshityapsizmi? - dedi Toʻlqin advokatga yuzlanib. Keyin kinoya ohangiga qaytib, davom etdi:-Bu bola bechora hamisha tuhmatga qoladi. U bosqinchilik qilmagan. Oʻsha uy yonidan oʻtib ketayotganida ushlab olishgan, - Toʻlqin bir oz sukut qilib jiddiylashdi:- Sizga ma’lum qilib qoʻyishni burchim deb bilaman: biz arxivni koʻtardik. Prokuror oʻtgan yilgi ishni qayta tergov qilish haqida koʻrsatma berdi. Endi siz bilan ham, mijozingiz bilan ham bu yerda emas, shahar turmasining tergovxonasida uchrashamiz.

Bu kutilmagan yangilik ularni gangitib qoʻydi. Yigitcha himoyachisiga najot koʻzi bilan qaradi.

-Siz xulosa chiqarishga shoshilmang. Men ehtiyot chorasini oʻzgartirish haqida prokurorga soʻrovnoma yozganman, - dedi advokat chorasiz odamning ovozida.

-Prokuror “Ish” bilan tanishib chiqib, iltimosingizni rad etdi, - dedi Toʻlqin hotirjam ravishda. - Tergov jarayoni boʻyicha e’tirozlaringiz bormi?

Advokat “yoʻq” ishorasini qilgach, Toʻlqin soqchini chaqirdi:

-Shu eshik atrofida kapitan turibdimi? - deb soʻradi.

-Ha, - dedi soqchi.

-Bir oʻzimi?

-Yonlarida bir kishi bor, galstuk taqqan.

-Ulardan iltimos qil, tashqariga chiqib turishsin. Dahliz boʻshagach, kirib ayblanuvchini olib chiqasan.

Tergovning bu qadar tez, eng muhimi kutilmagan yakun bilan tugashidan bezovtalangan Sanjar behos:

-Men adam bilan uchrashishim kerak!-deb yubordi.

-Endi adang bilan... ish bir yoklik boʻlganidan keyin uchrashasan, uka, - dedi Toʻlqin. - Ungacha bir yil oldin bosqinchilik boʻlgan uy yonida qanday paydo boʻlib qolganingni, bozor koʻchasida qulfi buzilgan mashina oldida nima uchun oʻralashib yurganingni oʻylab koʻr.

Soqchi Toʻlqinning topshirigʻini bajargach, Sanjarni olib chiqdi. Advokat Toʻlqinga nimadir demoqchi boʻldi-yu, keyin darrov fikridan qaytdi. Toʻlqin uning murosaga chaqirishini kutgan edi. Kutgani roʻy bermagach, ajablandi-da, eshik tomon yurgan advokatni toʻxtatdi:

-Ogʻayni, bir pasga toʻxtang, - endi uning ovozida kinoya ohangi ham, keskinlik ham yoʻq edi. - Sizdan bir gap soʻramoqchiman: ammo tergovchi sifatida emas. Siz ham advokat sifatida javob qaytarmang. Bir inson dildan soʻrayapti, ikkinchisi esa dildan javob qaytaryapti, kelishdikmi?

Samimiy tarzda aytilgan gapga advokat samimiy ravishda javob qaytarmadi:

-Siz bilan dildan gaplashish mumkinmikin? Qani, aytavering-chi? - dedi qoʻpol ohangda.

Toʻlqin esa unga javoban zaharli iljaydi:

-Osmondagi gaplarni koʻpga emas, yarim daqiqaga toʻxtataylik. Siz chindan ham shu bolani himoya qilyapman, himoya qilib, qamoqdan qutqarib qolaman, deb ishonasizmi? Oʻtgan yili ham “men qutqarib qoldim”, deb oʻylaganmisiz?

-Bu bilan nima demoqchisiz?

-Demoqchimanki, bolaning asl hmoyachilari tashqarida turishibdi. Oʻtgan yili ham siz emas, ular tashqaridan turib himoya qilib qutqarib olishgan. Gʻalaba toji esa sizga kiygʻazilgan. Bu safar ham shunday toj kiymoqchimisiz? Qoʻgʻirchoq boʻlib yurish oʻzingizga malol kelmaydimi?

Agar Toʻlqin boʻralab soʻkib berganida advokat ichida javob qaytarib, indamay chiqib ketishi mumkin edi. Lekin tergovchining bu gaplari uning boshiga musht boʻlib urildi. Hatto uni idora qilayotgan iblis ham bir sapchib tushgandan keyingina javobni oʻrgatdi:

-Siz meni haqorat qilyapsiz! Ammo... firibga usta ekansiz, - dedi lablari gezargan holda. - Guvohlarsiz gaplashib, haqorat qilyapsiz. Agar guvoh boʻlganida shu gaplaringiz uchun koʻradiganingizni koʻrardingiz. Lekin men shoshmayman, sabr qilaman, shunday kun ham keladi.

-Nega guvoh boʻlmas ekan, guvoh bor, - dedi Toʻlqin unga sinovchan qarab. Bir oz sukut qilgach yana hotirjam ohangda gapini davom qildi. - Ikkalamizning oʻrtamizdagi guvoh - vijdon. Lekin bu guvoh bittami yo ikkitami, bilmayman.

-Vijdoningni pishirib ye!

Advokat javobga bundan oʻzga gap topa olmadi. Shuni aytdi-yu, chiqib ketdi. Soqchining iltimosiga koʻra tashqarida turgan Qoʻrqmas bilan Sanjarning otasiga dahliz ostonasida duch keldi. Uning avzoyiga qarab, ish yurishmayotganini sezgan Qoʻrqmas “men kirib chiqay, sizlar gaplashib olinglar”, deb ildamladi. Taomilga koʻra eshikni taqillatgan boʻlib, qiya ochdi-da:

-Endi mumkinmi? - deb piching ohangida soʻradi.

-Endi mumkin, - Toʻlqin shunday deb oʻtirgan joyida qoʻl uzatib soʻrashdi. Bu Qoʻrqmasga malol kelsa-da, sezdirmaslikka urindi. - Kimni boshlab keldingiz?

-Men boshlab kelmadim. Oʻlmasjon akam siz bilan tanishmoqchi ekanlar, ikkita yaxshi odamni tanishtirish savob-ku?

-Ikkita yaxshi odamning birlari Oʻlmasjon akaxoningizmi? U kishi kim? Nima uchun birdan men bilan tanishgilari kelib qoldi?

Bu gapdan Qoʻrqmasning gʻashi kelib tomogʻini qirib qoʻygan edi, iblis biqinidan asta chimchilab “sal oʻzingni boʻsh qoʻy, kulging kelmasa ham kulsang-chi, ovsar!” deb vasvasa qilgan edi, kulgili gap aytilmagan boʻlsa ham jilmaydi:

-Gapni ham teshvorasizda, aka! Birdaniga tanishgilari kelgani yoʻq. Siz ham chakana odammassiz, aka, el-yurt oldida hurmatingiz bor. Koʻp odamlarning siz bilan aka-ukaday boʻlib yurgisi keladi.

-Bilaman. Yurgisi keladi-yu, lekin ish pishmasa yuz koʻrmas boʻlib ketadi.

-Unaqamas, aka... atroflarda obroʻyingiz ja-a baland.

-Har holda Oʻlmasjon akangizni mening obroʻyim oʻziga tortib kelmagandir bu yerga, - Toʻlqin shunday deb oʻrnidan turdi-da, derazani ochdi. Tashqaridagi odamning kimligini bilib tursa-da, atay gapni aylantirdi:- U kishi kim, biron xoʻjayinmi yo zoʻrroq bir odamning sizga oʻxshagan gumashtasimi?

-Unaqamas, Oʻlmasjon akani hech boʻlmasa shaharning yarmi taniydi, izzat qiladi.

-Shunaqami? Unda men shaharning tanimaydigan ikkinchi qismida ekanman.

Qoʻrqmas bu pichingni anglamaganday tanishtirishni davom etdi:

-Oʻlmasjon aka Sanjarbekning dadalari. Oraga birovni koʻymay, hurmatingizni qilib, oʻzlari keldilar.

-Oraga birovni qoʻymagan boʻlsa, unda siz kimsiz? Dallolmisiz, vakilmisiz yo koʻshmachimisiz?

Aytilgan soʻnggi soʻzga iblis qitiqlagan taqdirda ham kulib turish mumkin emasdi. Qoʻrqmas bu safar iblis turtmasa ham oʻrnidan turib xona sohibiga norozi qiyofada qaradi:

-Ja-a oshirvormang, aka! Menga fe’lingiz ma’lum, lekin bu safar otdan tushavering. “Oʻynashmagin arbob bilan...” degan gapiy bor-ku, Oʻlmasjon akam arbob boʻlmasalar ham bellari ja-a baquvvat. “Bir kattaning gapiga kir, bir kichikning”, deyishganini bilarsiz. Uka sifatida bir yomon gapim shu sizga.

-“Qoʻshmachimisiz?” deganim yoqmadi, a? Bilib turibman, bu soʻz har qanday odamning hamiyatiga tegadi. Endi uka sifatida ayting-chi, agar koʻshmachi boʻlmasangiz nima uchun har bob bilan urishga qodir arbob akangizning oʻzlari kirmadilar?

-Yoʻlda advokat gapga tutib qoldi. Chaqiraymi, kiraversinlarmi?

-Chaqirmang. Fe’limni bilar ekansiz, arbob akangizni qanday boshlab kelgan boʻlsangiz shunday boshlab olib keting. Men bilan gaplashib hafsalalari pir boʻlmasin.

-Aka, men sizga bir gap aytaymi?

-Yoʻq, uka, oʻsha bitta gapni men sizga aytaman.

Toʻlqin oʻsha bitta gapini aytishga ulgurmadi. Eshik ochilib, Oʻlmas Keldiyorov iltifotsiz ravishda kirib keldi. Salom berib koʻrishish uchun koʻl uzatguncha ham Toʻlqin joyidan jilmadi. Koʻrishgandan soʻng “keling, oʻtiring” ham demadi. Iltifotsiz tashrifga shu tariqa iltifotsiz takalluf koʻrsatildi. Mehmon huzurida noqulay ahvolda qolgan Koʻrqmas tezroq chiqib ketish maqsadida:

-Oʻlmasjon aka, mening ozgina chala ishlarim bor edi, ketaversam boʻlarmikin? - deb soʻradi.

Oʻlmasjon akasidan ijozat ishorasi boʻlgach, tez-tez yurib xonadan chiqdi. Toʻlqin “bu qanaqa tartib boʻldi”, degan ma’noda bosh chayqab qoʻydi. U ham mansab, ham unvon jihatdan yuqori turgani yoki xona egasi boʻlgani uchun uni toʻxtatib, chiqish uchun ijozatni begona odamdan soʻragani bois tanbeh berishi mumkin edi. Lekin gapni choʻzishni istamadi. “Nega keldingizu, nega indamay turibsiz, gapirmaysizmi?” deganday chaqirilmagan mehmonga qarab turaverdi. Oʻlmas bu tergovchining qaysarligini eshitgan, biron toʻxtamga kelish chogʻida savdoni pishirish qiyin boʻlishini kutgan edi-yu, lekin bunday sovuq qarshilashini xayoliga ham keltirmagandi. “Pul boʻlsa - changalda shoʻrva” degan maqolni Oʻlmas oʻylab topmagan. Oʻlmasga oʻxshaganlarning sa’y-harakatlariga qarab turib qaysi bir dono aytgan. Dunyoda hali hech kim qaynoq shoʻrvani hovuchiga solib turmagan. Kamondan uzilgan oʻqni ham birov ushlab qololmagan. Shu zamonga qadar qoʻy zoti boʻrini aravasiga ot oʻrnida qoʻshmagan. Oʻlmas buni biladi. Lekin pulning kuchi bilan bularning hammasini amalga oshirish mumkin deb hisoblardi. Hozirgi munosabatni koʻrib fikri sal oʻzgarganday boʻldi. “Bu bilan til topishishdan koʻra qoʻyning aravasiga boʻrini qoʻshib xizmat qildirish osonroqqa oʻxshaydi-ku?” degan fikr xayolini yoritib oʻtdi. Tergovchidan sado chiqavermagach, oʻzi tilga kirdi:

-Hormang, ishlar bilan charchamayapsizmi?

Kunda million yoki undanda koʻp odam biron kishini suhbatga chorlash uchun gapni shunday boshlaydi.

Kunda million yoki undanda koʻp odam unga bunday javob beradi:

-Salomat boʻling...

Agar suhbatga mahtal turgan boʻlsa bu tarzda javob qiladi:

-Salomat boʻling, rahmat, yuribmiz soyai davlatingiz ostida...

Toʻlqin suhbatga mahtal emasdi, shu bois javobning birinchi turini lozim koʻrdi.

Oʻlmas “asling toʻnkamijozmi yo narxingni oshirmoqchimisan?” degan savolga javob topmoqchiday yana bir oz qarab, soʻng muddaoga koʻchib qoʻya qoldi:

-Nima uchun kelganimni bilib turgandirsiz, gapni aylantirishga hojat yoʻqdir?

-Ha, hojat yoʻq. Kelib bekorga ovora boʻlibsiz.

-Ovora boʻlsak farzandimizning taqdiri uchun ovora boʻlamiz. Yana bu yoqda sizning obroʻyingiz ham bor... - Oʻlmas “gapim ta’sir qilyaptimikin”, deb bir nafas sukut qildi, keyin ta’kid etdi:-hurmatingiz ham bor.

Toʻlqin “bu ulugʻlarning oldida obroʻyim bor ekan”, deb ta’sirlanuvchi toifadan emasdi. Shu sababli javobida hayajon sezilmadi, sovuq ohang saklanib qoldi:

-Farzand uchun ovora boʻlishni sal kechroq boshlabsiz.

-Tushunmadim?

-Agar ovoragarchilik farzandning tarbiyasiga bagʻishlansa shunaqa ishlar boʻlmasmidi, demoqchiman.

Toʻlqin chiroyli gapirdi. Farzand tarbiyasi haqida gap ketsa koʻpchilik ana shunday gapiradi. Hozir Oʻlmas “oʻzingiz tarbiyani qoyillatib qoʻyganmisiz?” deyishi ham mumkin edi. Agar shu savol oʻrtaga qoʻyilsa Toʻlqin shubhasiz “Xudoga shukur, bolalarimning tarbiyasi yaxshi, har holda sizniki kabi oʻgʻri emas-ku?” dermidi? Shunday desa zohiran haqday tuyulardi. Botinan esa yoʻq. Toʻgʻri, uning farzandlarini hozir yaxshi tarbiya ihota qilib turibdi. Toʻgʻri, Oʻlmasning oʻgʻli yaxshi tarbiya doirasidan chiqib ketgan. Lekin Sanjarni bu chegaradan chiqara olgan iblis uchchala oʻgʻliga tahdid solmasligiga uning ishonchi komilmi? Sanjarning qalbiga oʻgʻirlikka mehrni muhrlay olgan iblis ertaga Salohiddinning qalbiga giyohvandlikka mehrni muhrlashga harakat boshlasa-chi? Indinga Bahriddin qalbini kibr va zinoga mehr bilan band etishga urinsa-chi? U ishonayotgan tarbiya devorlari bunday hamlalarga dosh bera oladimi? Toʻlqinning hozir tili uzun, koʻngli hotirjam. Lekin bolalarining tarbiyasi uchun oʻzi qancha hissa qoʻshdi? Ishdan kech kelsa, barvaqt ketsa... “Darsingni tayyorladingmi?”, “Oyingning gapiga kiryapsanmi?”... Tarbiyasi shulardangina iborat emasmidi? Qaysi oʻgʻli bilan bir martagina boʻlsin yonma-yon oʻtirib dars tayyorlashini kuzatdi? Oʻgʻillariga qachon iymon haqida tushuncha berdi? Insof bilan insofsizlikning farqini ajratishni oʻrgatdimi? Insonning har bir harakati Yaratgan tomonidan nazorat qilinishini ongiga singdirdimi? Yoʻq! Bu borada Oʻlmas bilan oralarida farq yoʻq. Uning oldida gerdaymasa ham boʻladi. Baxtiga xotini Robiya bor ekan, farzandlarini yomonlikdan asrash uchun tarbiya devorlarini oʻzi amallab tikladi.

Ne ajabki, tergovchi xonasida yuzma-yuz turgan ikki kishi oʻzga-oʻzga olam odamlari boʻlishsa-da, tarbiya bobida ozmi-koʻpmi yaqin jihatlari ham bor edi. Chunki Oʻlmas ham oʻgʻlidan dars tayyorlagan-tayyorlamaganini ba’zi-ba’zida soʻrab turgan. Toʻlqin kabi u ham biron marta boʻlsin oʻgʻli oʻqiydigan maktabga bormagan. Sanjarni iqtisodchi boʻlsin, deb oʻqishga olib kirib qoʻygan edi. Oʻtgan yili oʻgʻlini birinchi marta qamamoqchi boʻlishganda qutqarib qoldi, shundan keyin “qayerda eding?” yoki “qayerda yuribsan?” deb surishtiradigan boʻldi. Nazarida shu surishtirishlarning oʻzi kifoya edi. U oʻgʻlining oʻgʻrilarga qoʻshilib qolishidan ajablanardi. Uningcha odamni moddiy tomondan yetishmovchilik oʻgʻirlikka undardi. Har jihatdan ta’minlangan oʻgʻlining oʻgʻirlikka shunchaki havasi borligini, buni oʻzlarining tilida “hobbi” deyilishini u tasavvur ham qila olmasdi. Oʻlmas “oʻgʻlimni dushmanlarim yoʻldan urishdi”, deb ishonardi. Ammo qaysi dushmanlari, qanday qilib yoʻldan urganlarini bilolmay garang boʻlardi. Eng birinchi dushmani oʻzining nafsi ekani, shu nafsi tufayli haromdan qaytmay, farzandini harom luqma bilan katta qilganini birov aytguday boʻlsa ham baribir tan olmasdi. Haromdan topilgan non boʻgʻzidan oʻtgan bolaning iblis toʻriga ilinishi osonroq ekanini iblis yetovidagi odam tushunib yetarmidi?

Bultur oʻgʻlini qamoqdan qutqarib qolganini Oʻlmas zoʻr gʻalaba deb bilardi. Hatto oʻgʻliga bir-ikki minnat ham qilib qoʻydi. Agar ikkinchi qaytarilguday boʻlsa oʻrtaga tushmasligini ham ta’kidladi. Lekin oʻrtaga tushishga majbur boʻldi.Chunki oʻrtada faqat oʻgʻlining taqdirigina emas, oʻzining obroʻsi ham bor edi. “Shuncha quvvati boʻla turib farzandini qutqarolmabdi”, degan malomatdan qoʻrqardi.

Bultur qamoqdan qutulib qolishini Sanjar katta baxt deb sanamasdi. Otasidan minnatdor ham boʻlmasdi. U otasi kabi birovga qulluq qilib, birovdan ustun turib yurishni istamasdi. U barchaning oʻziga qulluq qilishini istardi. Buning birdan bir yoʻli uning nazarida oʻgʻriboshi boʻlish edi. Ikki kundan beri qoʻlga tushish sababini tahlil qilardi. Otasi koʻmagida bu yerdan chiqqach, boshqa zoʻrroq guruh tuzish rejasini oʻylardi.

Vaqtinchalik qamoq xonasida oʻzining ertasi haqida oʻylayotgan Sanjarning taqdirini tergovchi xonasida turgan bu ikki kishi hal qiladiganday edi. Biri ayblab, jazoni ravo koʻrsa, ikkinchisi bu jazo toʻridan yulib olish umidida edi.

Shunday niyatda turgan bu ikki odamning ayni choqda tarbiya hususida oʻylashi yoki bahslashishi tashqaridan turib kuzatgan kishiga ehtimol nodonlik boʻlib tuyulardi. Shu sababli tergovchining tarbiyaga doir fikriga Oʻlmas uncha e’tibor bermay, gapining yakuniga diqqatiniqaratdi:

-Qanaqa ishlar? Tushunmadim?

“Tushunmaganmish...Baloga tushunasan. Oʻgʻlingga oʻxshab oʻzingni merovlikka solyapsanmi?” -Toʻlqin shunday deb oʻyladi, lekin javobni qisqaroq qildi:

-Tushunibqolarsiz...

-Birodar, noxushroq vaziyatda tanishayotgan boʻlsak ham kelgusida aka-uka boʻlib ketishimiz ham mumkin. Shuning uchun osmondan sal pastroq tushing. Bu dunyoda kelishmaydigan ish yoʻq.

-Siz men bilan kelishmoqchimisiz? Axir siz oʻgʻlingizni aybsiz deb da’vo qilasiz-ku? Oʻgʻlingizning oʻgʻirlikka sirayam daxli yoʻq, u mashina yonidan oʻtib ketayotganida nodon militsiya ushlab olgan, toʻgʻrimi?

-Nodon emas-ku, lekin adashib ushlagan.

-Shunga oʻzingiz aniq ishonasizmi?

-Nega ishonmas ekanman?

-Ishonsangiz... kelishmoqchi boʻlayotganingiz qiziq. Men oʻgʻlingizni oʻgʻirlikda ayblayapman, demak, men bilan kelishyapsiz? Toʻgʻri tushunibmanmi?

Kimningdir sabr kosasi chuqurroq, boshqa birovniki sayozroq boʻladi. Oʻlmas tabiatan ikkinchi toifadan edi. Toʻlqin sovuq qarshi olgandayoq, sabr kosasi gʻazabga toʻlib boʻlgandi. Lekin murosaga undovchi kuch bu kosani chayqatmay, gʻazabni toshirmay turgandi. Toʻlqinning keyingi gapi bu kuchning ildiziga bolta urib, gʻazabga limmo-lim sabr kosasini chayqatib yubordi:

-Gapni aylantiravermang. Beshtami, oʻntami - boʻladiganini aytavering. Savdolashgan -nomard! Yana suyunchisiga bitmayotgan ishingizni fiysabililloh toʻgʻirlab beraman.

-Bitmayotgan qanday ishim bor ekan?

-Keliningiz mol bilan koʻlga tushib qolibdimi? Istasangiz hozirning oʻzida qoʻngʻiroq qilaman. Ikki soatdan keyin molni olib chiqib ketadi. Hech qanday gap-soʻz boʻlmaydi.

Bu Toʻlqin uchun kutilmagan taklif boʻldi: “Shuni ham iskab topishibdimi? Demak, ahdlari jiddiy...” Tergovchining oʻylab qolganini rizolik alomati deb tushungan Oʻlmas “Qoʻngʻiroq qilaveraymi?”-deb qayta soʻrab javobni kutmayoq qoʻl telefonidagi raqamni tera boshladi.

-Yoʻq., , - dedi Toʻlqin, - kelinim mol bilan qoʻlga tushgan boʻlsa - bu ularning muammosi. Menga suyunchi kerak emas.

-Sizni oʻjar desam... - Oʻlmas shunday deb jimib qoldi.

-Davomini ham aytavering, gapingiz ichingizda qolib ketmasin.

-Ahmoqroqekansiz!

-Yumshoqroq qilib aytganingiz uchun rahmat. Lekin bir narsani aniqlashtirib olishimiz kerak: siz taklif qilayotgan besh-oʻntani, har holda koʻkidan boʻlsa kerak-a, olmayotgan men ahmoqmanmi yo berolmayotgan sizmi?

-Ha, buni albatta aniqlashtirib olishimiz kerak, - Oʻlmas shunday deb telefonini oʻchirdi-da, bir qadam oldinga bosdi. Tergovchiga gʻazab bilan tikildi:-Endi gapning oʻgʻil bolasi bunday boʻladi: ikkalamizning ishimiz qimorga aylandi. Koʻnda faqat mening oʻgʻlim emas, sizniki ham turibdi. Hozircha bittasi. Kattasi Akademiyada oʻqirkan shekilli? Agar yutqizishni istasangiz oʻzingizning oʻyiningizni oʻynayvering.

Oʻlmas shunday deb tahdidining ta’sirini bilmoqchiday unga yana bir oz tikilib turdi. Toʻlqinning yuzida oʻzgarish sezilmadi:

-Agar bu ishimiz qimor oʻyini boʻlsa, siz ehtiyot boʻling. Men yaxshi qimorbozman, hech qachon yutqizmaganman. Oʻzingiz ayting-chi, qoʻlida ikkita “tuz” bor oʻyinchi yutqizadimi?

-Zoʻrsiz-ku?

-Zoʻrman. Koʻlimdagi “tuz”lar qanaqaligini nega soʻramayapsiz?

-Menga qizigʻi yoʻq. Istasangiz, mayli, ayting.

-“Tuz”ning bittasi vijdonim, ikkinchisi qonun.

-Katta ketmang, bu oʻyinda ikkovini ham uradigani topiladi.

Oʻlmas “oʻzingga ham koʻlingdagi shu ikki “tuz”ingga ham tupurdim!” deb tergovchining yuziga rosmanasiga tupurmoqchi ham boʻldi-yu, oʻzini bir amallab tutib, shart oʻgirildi-da, chiqib ketdi.

Bu onga kelib Toʻlqinning ham sabr kosasi toʻlgan edi. Oʻzaro gaplari yana picha davom etsa u ham tupuradigan holga kelib qolardi. Eshik yopilgach, alamini qoʻlidagi qalamdan oldi. Barmoqlari beihtiyor ravishda uni siqib, sindirdi. Keyin mayda boʻlakchalarni eshik tomon otdi.

Unga bu paytgacha turli tahdidlar qilishgan, hatto bolalarini eslatib ham turishgan. Lekin bu odamning tahdidi oʻzgacha ta’sir etdi. Oldingilarini quruq tahdid siftida qabul qilgandi, bir oz havotirlanib keyin unutgandi. Bunisi esa amalga oshishi boshlangan fojia boʻlib tuyulib, badanida titroq turdi. Agar telefon qoʻngʻirogʻi jiringlab qolmaganda balki shu telbalik ta’sirida Oʻlmasning izidan yugurib chiqib “sen hali mening oʻgʻlimning taqdiri bilan oʻynashmoqchimisan!”, deb yoqasiga yopishishdan ham toymasmidi... Gʻazab - qisqa muddatli telbalikdir, deydilar.

Shu ahvolda telefon goʻshagini koʻtardi. Shahar prokurorining yordamchisi tez yetib kelishni buyurdi.

Qishloqdan uzilib, orolchaga oʻxshab qolgan doʻnglikka bogʻ qilgan Ibrohim oʻrik daraxti gʻoʻra tukkan mahalda shiyponga koʻchib chikqan edi. Kampiri “hali yerning zaxi qochgani yoʻq, ertaga belingizni koʻtarolmay menga ish orttirmang”, deb toʻsqinlik qilsa ham unamadi. “Men uyda boʻlsam kelinlarga ozodlik yoʻq, yo biron ish buyuraman yoki mendan iymanishib xohlagancha oʻtirib, xohlagancha yurisholmaydi”, deb bahona qildi. Aslida kenglikka intilish bolalikdan qolgan odati. Ayniqsa yoshlik yillari qamoq azobini totib kelgandan keyin keng hovlisi ham torday tuyuladigan boʻlib qolgan. Doʻnglikka suv chiqarib bogʻ qilishi ham shundan. Bu yerdan goʻyo butun olam koʻrinadiganday. Goʻyo butun olam uning oʻzinikiday. Bu yil chindan ham bahorning tafti sal pastroq keldi. Kunduzi qaysi bir gʻovaklarda berkinib yotgan qish nafasi quyosh botishi hamonoq shiyponiga bostirib kelib, kechasi bilan zirillatib chiqadi.

Xufton namoziga hali picha vaqt bor edi. Ibrohim odati boʻyicha shiypon yonida kichikroq gulxan yoqib, xarsang ustiga toʻnini tashlab oʻtirdi. Shu oʻtirishida mudradi. Tush koʻrdimi yo akasining ruhi yana paydo boʻldimi, bilolmay qoldi.

Gulxan yoniga qadar asta yurib keldi akasi...

Oʻychan tikildi akasi...

“Yana keldingizmi?”-deb soʻradi Ibrohim.

“Bolalarimdan koʻnglim notinch. Bir borib kelsang boʻlardi”, - dedi akasi.

“Men bordim nima-yu, bormadim nima? Bolalaringiz yosh boʻlsa ekan, quloqlaridan choʻzib tanbeh berib kelsam. Bolalaringiz ham oʻzingizga oʻxshaydi. Birovning nasihatini quloqqa ilishmaydi”, - dedi Ibrohim.

“Uyimga bir borib kel, Ibrohim, meni injitma...”

It hurib, Ibrohim choʻchib tushdi. Beixtiyor ravishda atrofiga alangladi: hech zogʻ yoʻq.

“Uchinchi marta kelishi. Bolalariga bir gap boʻlgandirki, arvohi notinch. Ertami-indinmi borib kelmasam boʻlmas”, deb oʻyladi. Alangasi pasaya boshlagan gulxanga oʻtin tashlab, kosov bilan titib qoʻydi. Yuzlab uchqunlar osmonning yagona hukmdori boʻlish qasdida bir-birlari bilan joy talashgancha yuqoriga intilishdi. Ammo birontasi niyatiga yetolmadi, gulxan bagʻridan bir quloch ham koʻtarilmay sovuq havo ularni yamlab yutdi.

“Umrning shu uchqunga oʻxshashini koʻpchilik bilmaydi”, deb oʻylagan Ibrohim gulxanning bu ayovsiz oʻyiniga uzoq tikilib qoldi. Xayolida tugʻilgan savollarga oʻzicha javob izladi.

Allohning “qiyomatda mening bir kunim sizlarning ellik ming yilingizga teng”, deyishiga qaraganda odam umri shu uchqun umridan ham kaltaroq boʻlib chiqadi. Shu kalta umrda odamlar onadan tugʻilishadi-yu, osmonga intilishadi. Eng yuqori martabalarni egallashga shoshilishadi. Osmon boyliklariga ega boʻlishni istashadi-yu, oʻlimning changalida soʻnib, lahadda qoʻnim topishadi. Gulxandan sapchiyotgan uchqunlar soʻndimi, tamom, ulardan nom-nishon qolmaydi. Bizga shunday tuyuladi. Aslida ular kulning koʻzga ilinmas zarrasiga aylanadilar. Ehtimol yerga qoʻnib, tuproqqa aylanib, koʻkat ildiziga hayot berib hayotini yana davom ettirar? Buni biz bilmaymiz.

Odam oʻlganidan keyin uni tanigan tiriklar ongida yaxshimi-yomonmi xotirasi qoladi. Ruh jasaddan ajraladi, deyiladi. Yomonlarning ruhlari azob chekadi, deyiladi. Balki ruhlar azobdan nolalar qilarlar? Lekin ruhlarning faryodini hech kim eshitmaydi. Ularning azobiga hech kim guvoh boʻlmagan. Azob iskanjasidagi ruhni faqat tafakkur koʻzi bilan koʻrish mumkin. Ruhlarning azoblari tiriklarnikiga nisbatan ayanchliroq boʻlsa kerak. Chunki tiriklar jon beradilaru bu dunyo azoblaridan qutuladilar. Demak, tiriklarning azobdan qutilish chorasi mavjud. Ruhlar-chi? Ruhlarni azoblardan nima qutqaradi?

Ibrohim akasi bilan kennoyisi ruhlarining azob chekayotganini aql koʻzi bilan koʻrib, mulohaza qilardi. Ruhlarning dardiga duo malham boʻlishini bilardi. Lekin azoblarni faqat duo bilan muolaja etish yetarlimikin, degan savolga javob topa olmay, qiynalardi.

Akasi bilan kennoyisini koʻp oʻylaganidanmi, koʻziga koʻrinaverishadi. Tushlariga ham kirishadi. Hadeb uzr soʻrayverishadi, tavba qilaverishadi. Ibrohim bu holga ham hayron. Chunki har ikkovi jon berishdan avval rozi-rizolik tilagan. Ibrohim koʻnglida gina saqlamaganini, u gaplarni allaqachon unutib yuborganini bir necha marta aytgan. “Agar qabr azobida boʻlishsa, bu azoblarga oʻsha gunohlarini asosiy sabab deb oʻylashayotgandir”. Ibrohim har safar shu toʻxtamga keladi. Har safar boshini sajdaga qoʻygan holda Yaratganga munojot qiladi, ularni magʻfirat etmogʻini soʻraydi. Oʻlim toʻshagida yotganlarga rozilikni bildirib koʻyish lozimligini bilmaydiganlar yoʻq hisob. Ammo ba’zilar qalblarini ginadan tozalamagan holda til uchida, xastaning koʻngli uchungina “roziman” deb qoʻyishadi. Qalbi rozi emasligini Alloh bilib turganini esa oʻylashmaydi. Qalb rozi emas ekan, marhumning u dunyodagi ahvoli qanday boʻlar ekan? Ibrohim qalbi bilan rozi boʻlgan edi. Toʻgʻri, undan avvalroq yoshlik gʻururiga bandi boʻlib “bularni hech qachon kechirmayman!” deb ont ichgandi. Bu qasam buzilmas darajada qalbining tub-tubiga muhrlanib qolgan edimi? Shuni oʻylaganda Ibrohim battar eziladi.

Aslida ayrim odamlarning ba’zi gunohlarini sira kechirmagan ham ma’qul. Lekin musulmonlik burchi bunga yoʻl qoʻymaydi. Musulmon farzandining uch kundan ziyod arazlashishga haqqi yoʻqligi, kechirimli boʻlishga majburligi koʻp gunohlarning bahridan oʻtilishiga sababdir. Ibrohim zimmasida ana shu majburiyat borligini bilguniga qadar koʻp vaqt akasi va kennoyisidan nafratlanib yurdi. Keyin ularning huzuriga oʻzi keldi... Ularga bu gʻalati tuyuldi. Akasi “Yangang bilan borib sendan uzr soʻramoqchi edik”, dedi. Ibrohim aslida akasining bunday niyati yoʻqligini, gap til uchida aytilganini sezdi. Lekin sir boy bermay: “Siz akasiz, har qanday sharoitda ham uzr ukadan lozim”, -dedi. Yangasi “oʻshanda ayb ish qilib qoʻygan ekanman”, demadi. Aksincha, eri oshxonaga kirgan paytda “ukangiz bekorga kechirim soʻrab kelmagandir”, deb qoʻydi. Ibrohim buni ham sezdi. Osh pishib, bir-ikki osham olingunicha gap-gapga qovushmasa ham chidab oʻtirdi. Ketar mahali yonidan gazetaga oʻralgan bir dasta pul chiqardi: “Aka, katta qurilish qilibsiz, uka boʻlib hasharga kelolmadim. Hali chala ishlar koʻp ekan, ustalarga ishlatarsiz”, deb uzatdi. Shavkat “olmayman”, deyavergach, dasturxonning bir uchini qayirib xontaxta ustiga qoʻydi-da, xayrlashib chiqib ketdi. Pulning koʻpligini koʻrib Farida ajablandi. “Ukangiz shunaqa toparman boʻlib ketganmi, qayerda ishlayapti oʻzi?”-deb soʻradi. Ukasidan mutlaqo xabar olmaydigan aka bu savolga nima deb javob berardi: yelkasini qisib “bilmayman” deyishdan oʻzga chorasi yoʻq. Pulga mahliyo boʻlib turgan er-xotin Ibrohimning yaqin tanishidan qarz koʻtarganini oʻylab ham koʻrishmasdi. Bu pulni bergan kishi shu uy poydevoriga birinchi qator gʻishtlarni terib, soʻng ketib qolgan usta ekani ularning yetti uxlab bir tushiga kirmagan edi. Ibrohimning bemehr akasi aynan shu Shavkat ekanini oʻshanda usta ham bilmas edi. Shavkat vafot etganida Ibrohimga ta’ziya bildirish uchun kelgandagina bundan xabar topdi-yu, ammo bu xonadon egalarini tanishini oshkor qilmadi.

Akasidan kechirim soʻrashdan avval Ibrohimning tushiga onasi kiraverdi, “akangdan xabar ol”, deyaverdi. Undan avval usta Umar qori kechirimli boʻlish haqida qancha gapirmasin, qulogʻiga olmayotgan edi. “Ular musulmonchilikni bilishmasa ham men ularga musulmonchilik qilayinmi, yoʻq, qori, bu haqiqatingizni tan olmayman”, deb qattiq gapirgan vaqti ham boʻldi.

Usta uning oʻjarligidan ranjisa-da, da’vatini sabr bilan davom etgan edi. U Ibrohimni kibrda ayblardi. Holbuki, Ibrohim oʻzining kamsitilgani uchun emas, onasiga mehr koʻrsatilmagani uchun akasidan ranjigan edi. Buni u hech kimga, hatto qadrdoni boʻlib qolgani usta Umar qoriga ham aytmagandi.

Bu dunyoda onasiga mehr koʻrsatmagan oqibatsiz farzandlar oz emas. “Oq sutimga rozi emasman”, deb oq qiluvchi onalar esa koʻp emas. Onasi jon berganida Ibrohim qamoqdan chiqib kelayotgan edi. “Har ikkala oʻgʻlimdan mingdan-ming roziman”, degan gapini qoʻshnisi eshitib, keyin unga bildirgan. Shu koʻshnisi ikki oʻgʻil nomidan rozilik soʻragan ekan... Ibrohim bu odatning toʻgʻri yoki notoʻgʻri ekanini bilmaydi. Har holda yoʻqdan koʻra bor, degandek jigarning nomidan begona rozilik soʻrasa yomonmasdir. Ibrohimning yoʻrigʻi boshqa. Akasiniki... Boshqa odamning rozilik soʻrashiga ham chidash mumkin, lekin janozada, tobut yonida begonaning turishi. “Ikki oʻgʻlim , ikki qanotim bor”, deb umid bilan yashayotgan onaning soʻnggi yoʻlga ketayotganida qanotlarsiz qolishiga chidash mumkinmi? Begona odamning “qarzlari boʻlsa men toʻlayman” deb turishiga-chi? Bomdodga chiqarish moʻljallangan mayitni asrga qadar saqlab turishdi. “Oʻlikning egasi kelsin”, deyishdi. “Ayolni lahadga oʻgʻli qoʻyishi kerak”, deyishdi. Lahadga ham begona qoʻydi... Bularning barchasini Ibrohim oʻlim toʻshagidan turib, uyiga qaytgach eshitdi. “Akam jon beray deb yotgan boʻlsa ham yetib kelishi kerak edi, nega kelmabdi?”-deb soʻradi. “Shu kuni akang nomzodlik dissertatsiyasini yoqlashi kerak ekan”, deb yolgʻon aytishdi. “E Xudo!-deb nola qilgan edi oʻshanda Ibrohim. - Akamni bir umrga badnom qilib qoʻyibsan-ku? Agar zarracha akli boʻlsa, endi bu dunyoda bosh koʻtarib yurolmasligi kerak. Undan koʻra oʻsha dissertatsiyasiga qoʻshib olovda yondirib yubora qolsang boʻlmasmidi?! Akamni men uchun tiriklayin oʻldirib beribsan. Tirik-oʻlik akam borligini bilib yashash menga ham qiyin. Shu azobga loyiq koʻrdingmi meni?!” Buning shunchaki azob emas, balki imtihon ekanini Ibrohim u damda bilmasdi. Usta Umar qori anglatdi. Ibrohim imtihondan oʻtish uchun kibrni yengishi kerak edi - yengdi. Onasi tushlariga kirib akasining uyiga borishga undayverdi. Usta Umar qoriga oʻjarlik qilgan Ibrohim onasining ruhiga e’tiroz bildirolmadi.

Ibrohimning nazarida onasi toʻngʻich oʻgʻlini kichigiga nisbatan yaxshiroq koʻrardi. Ha, bu faqat Ibrohimning fikricha shunday edi. Aslida ona farzandlarini, ayniqsa eridan yodgor qora koʻzlarini birini ikkinchisidan afzal koʻrmaydi. Shavkat bolalikdan ilmga ixlosmand edi. Shu sababli dars tayyorlashiga halal bermaslik maqsadida onasi uni turli ishlardan ozod qilardi. Ibrohimning oʻqishga toqati yoʻq edi, oqibatda yumushlarning asosiy qismi uning zimmasiga tushardi. Kunduzlari dalada ishlashardi, yorilgan tovonlari azob berishiga qaramasdan mashoq terishardi. Shunda onasi “Shavkatim kitobini oʻqisin”, deb uni uyda qoldirishga turli bahonalar izlardi. Brigadir ham koʻpincha uning bahonasiga koʻnardi. Agar Ibrohim ishga chiqmasa dakki eshitardi, ba’zan quloq choʻzma yerdi, biroq, Shavkat bunday jazolardan mustasno edi. Yogʻoch oyogʻini doʻqillatib yuruvchi, tabiatan qoʻpol boʻlgan brigadirni Ibrohim yaxshi koʻrardi. Qishloqqa choʻloq boʻlsa-da, tirik qaytgan birinchi askar shu kishi edi. Hadeb “qora xat” kelaverib yuraklari zada boʻlgan qishloq ahli uchun oʻsha kun haqiqiy bayramga aylangandi. Kimdir hatto qoʻy soʻygan ham edi. Qoʻyni kim soʻygani Ibrohimning yodida yoʻq, ammo toʻyib goʻsht yeganini unutmaydi. Brigadir Ibrohimga “Sen kimning oʻgʻlisan. Bilasanmi? Bilmasang bilib qoʻy: sen zoʻr odamning oʻgʻlisan!” deb qoʻyardi. Urush qahramonidan bu maqtovni eshitish uning uchun gʻoyat katta baxt edi.

Yorilib, azob berayotgan tovonlariga kechasi surilgan yogʻ bir oz davo boʻlardi-yu, tong otar-otmay yana dalaga yoʻl olish uning uchun odatiy bir holga aylanib qolgandi. Brigadir mashoq terayotganlarni qiziqtirish uchun “baraka” topganlarga mukofot e’lon qilgani bilan va’dasini bajarmasdi. Shu sababli qoʻshaloq bashoq chiqqan taqdirda ham suyunchi soʻrab unga yoʻliqishmasdi. Bir kuni brigadir yonidan oʻtib ketayotganida Ibrohim topgan “baraka”sini koʻrsatdi. U esa hammani hayratda qoldirib Ibrohimga mukofot tarzida toʻrt hovuch bugʻdoy berdi. Oʻsha kuni onasi isitmalagani sababli dalaga chiqmagan edi. Mukofot shodligi bilan qaytgan Ibrohim “onam ham quvonarlar”, deb oʻylagan edi, unday boʻlmadi. Onasi: “darrov qaytarib ber, bizning boshqalardan bir tishlam oshiqcha non yeyishga haqqimiz yoʻq”, deb gapni kalta qildi. Ibrohim onasining gapini soʻzsiz bajarishga odatlangan edi. Ayniqsa otasining oʻlimi haqidagi xabar kelganidan beri onasi bir nima deydigan boʻlsa hatto koʻz qarashi bilan ham norozilik bildirishdan oʻzini tiyardi. Lekin bu safar astoydil qarshilik bildirgisi keldi. Toʻrt hovuch bugʻdoyning halol ekanini isbotlamoqchi boʻldi. Biroq, onaning ma’yus, ayni choqda qat’iy boqishi uni shashtidan qaytardi. Noiloj koʻchaga chiqdi. Bir oz yurgach, olti xonadon naridagi qoʻshnisi Munisaga duch keldi. Oʻzidan ikki yosh kichik boʻlgan bu qiz toʻrt kundan beri mashoq terishga chiqmayotgan edi. Otasidan “qora xat” kelgach, onasi yotib qolgandi. “Bu xonadonning roʻzgʻor tashvishi shu kichkinagina Munisning yelkasiga tushdi” -qishloqdagilarning hammasi shunday derdi.

Ibrohim qizga yaqinlashib, undan “Tuzalib qoldingmi?” deb soʻradi-da, boshqa gap-soʻzsiz tugunchani uzatdi. “Nima bu?”-deb ajablandi Munisa. “Brigadir buva berib yubordilar, ozgina bugʻdoy” - Ibrohim xayoliga kelgan yolgʻonni qaytarmay tiliga chiqardi. “Oʻzlari yaqinda kelib ketdilar”-Qiz shunday deb, yolgʻoni fosh boʻlib uyatdan qizarishi kutilgan bolaga qaradi. Ibrohim darrov fosh boʻladigan, darrov uyaladigan bolalar toifasidan emasdi: “Dalada eslaridan chiqib qolgan ekan”, dedi. Qiz tugunni oldi. Oʻshanda Ibrohim gʻoyat quvonib, oʻziga oʻzi: “Umrimda endi bitta yaxshi ish qildim”, deb qoʻygan edi. Shu yaxshiligining oradan yillar oʻtib meva berishini, shubhasizki, u oʻshanda oʻylamagandi.

Qamoqdan qaytganida koʻcha eshik qiya ochiq, ichkarida onasi xazonlarni supurayotgan boʻladi...

U shunday oʻylagandi. Onasining vafot etganini hali bilmasdi. Koʻchada kelayotganida yoʻlda uchragan hamqishloqlari salomlashishganda gʻamgin qarab qoʻyishganining boisini hovliga kirganidan keyin bildi.

...koʻcha eshik ochiqedi... ammo...

...hovlini Munisa supurayotgan edi...

Ibrohim uni koʻrib, “onamga qarashgani chiqibdi-da”, deb oʻyladi. Qiz bilan salomlashdi. “Ayam qanilar?” deb soʻradi. Munisa savolga javoban: “Hozir”, dedi-yu, Ibrohimni ajablantirib, koʻcha tomon shoshildi.

Yurakni tilim-tilim qilib tashlovchi xabarni yon qoʻshnisi chiqib aytdi.

Oradan yarim yil oʻtmay Munisa shu xonadonga kelin boʻlib tushdi. Ular orasida kitoblarda yoziladigan sevgi-muhabbat yoʻq edi. Munisa “Ibrohimni sevardi, shuning uchun uning qaytishini kutdi”, deyilsa yolgʻon boʻladi. Qizga koʻp sovchilar keldi, biroq, yozugʻida Ibrohim bor ekan, qishloq ahlining harakati bilan taqdir ularni qovushtirdi. Toʻyiga akasini aytmadi. Hamqishloklaridan birontasi “Nega akang kelmadi?” deb soʻramadi ham.

Birinchi farzandining qiz boʻlishini Xudodan soʻragan edi, niyatiga yetdi, onasining ismini qoʻydi: Munavvara! Keyingisi oʻgʻil boʻldi. Kichkina Munavvara ukasiga mehribonlik qilganida Ibrohimning koʻz oldiga onasi kelaverardi. “Qizimga onam rahmatlining ismlari bilan birga mehribonliklari ham oʻtibdi”, deb shukrlar qilardi. Odam bolasi dunyoda hamma narsani unutishi mumkin, ammo onasining mehribonliklarini unuta olmaydi. Eng uzoq yashaydigan xotira aynan shu. Bu xotira odamning oʻzi bilan birga oʻladi. Onasiga yaxshi xizmat qilib, duosini olgan boʻlsa bu xotira unga hotirjamlik va xayrli oqibat beradi. Koʻnglini ogʻritgan boʻlsa armon bulogʻining achchiq suvidan ichaverib, yurak-bagʻri kuyib yashaydi. Ibrohim onasiga yaxshi xizmat qilgan boʻlsa-da, uning soʻnggi nafasida labiga bir tomchi suv tomizolmaganidan armonda yashaydi. Ba’zan “akam ham armon qilarmikinlar?” deb oʻylaydi. “Har qanday toshbagʻirda ham armon topilar”, deb fikr qiladi.

Onaning zarra miqdoridagi mehriga farzand qay miqdorda javob qaytarishi kerak? Oʻn karrami yo ming karra ortiqmi? Yoki million-millionlarchami? Bu xususda rivoyatlar, dono gaplar koʻp, ammo hech kim aniq javob bera olmaydi. Bu miqdor har bir farzandning iymoni darajasiga bogʻliq. Kimdir onasi hayot chogʻida butun jonu dili bilan xizmatini bajaradi, vafotidan keyin doimiy ravishda duolari bilan ziyorat qilib tursa-da, farzandlik burchini yaxshi ado etolmadim-a, deb oʻksinib yuradi. Kiyomatdagi boʻlajak diydordan umidvor boʻlib yashaydi. Yana kimdir onasigi bir marta olib bergan roʻmoli bilan kifoyalanadi. Ibrohimning nazarida akasi shundaylardan edi.

Holbuki...

Tong sahar va shom arafasi oʻzlarining tomorqalarida, kunduzi kolxoz dalasida ishlab tolmagan onasi, kechasi lipillab yonayotgan pilik yorugʻida doʻppi tikardi. Rayon markazida yashaydigan xotin unga mato va ipak tashlab ketardi. Onasi qora, koʻkimtir matolarga ipakda qalampir nusha gul tikardi. Rayon markazidan keladigan xotin “ovsin, dalangiz oʻlgurga chiqmay qoʻya qoling, menga koʻproq tikib bering. Siz tikkan gullar kulib turadi. Qoʻlingiz ham yengil, doʻppilarim bir pasda sotiladi”, derdi. Bunga javoban onasi hazin jilmayib: “voy, qiziqsiz-a, dalaga chiqmasam “xalq dushmani”, deb otishadi-ya!” derdi. Shavkat pilik yorugʻida kitob oʻqib oʻtirib uxlab qolardi. Ibrohim uyqusi kelsa ham, mushtlari bilan qovoqlarini uqalab, onasining yotishini kutardi. Shavkat maktabni bitiradigan yili onasi ikki-uch kun deyarli uxlamasdan doʻppi tikdi. Buning sababini Ibrohim keyinroq bildi: rayon markazidan qatnaydigan xotin Shavkatga atab yangi koʻylak olib keldi. Oʻsha zamonlar yoshlarga rasm boʻlgan kashtali koʻylak Ibrohimning ham havasini keltirdi. Onasi buni bilib: “senam maktabni bitiradigan yiling shunaqa koʻylak olib beraman. Endi akang katta boʻlib qoldi, qizlar qaraydi, yaxshi kiyinishi shart”, deb qoʻydi.

Ibrohim oʻqishni bitiradigan yili unga bunday koʻylak kiyish nasib boʻlmadi. Chunki shaharda oʻqiyotgan Shavkatning harajatlarini qoplashdek muhim muammo mavjud edi. Buni bilgani uchun ham Ibrohim indamadi. “Onamni ortiqcha urintirmayin, va’dalari eslaridan chiqib ketgandir”, deb oʻyladi.

Oh, farzand-a! Bunchalar sayoz oʻylamasa! Ona va’dasini unutarmidi!? Yodida edi. Qoʻli kaltaligidan yuragi oʻrtanardi. Kichigining oʻksib qolishi uning uchun gʻoyat zoʻr azob edi.

Turmushlari avvalgidan sal yaxshilangan boʻlsa-da, shunga yarasha orzu-havas ham ortib borardi. Shavkatning shahardagi harajatlari yoniga endi toʻy tashvishi ham qoʻshilgandi. Onasi otasiz oʻsgan bolasini oʻksitmaslik uchun toʻyni katta qilish orzusi bilan yashardi. Bola esa bu masalani osonlik bilan hal etgandi: birga oʻqiydigani Farida bilan ahdu-paymon qilib qoʻygandi. Shavkatga ichkuyov boʻlish sharti qoʻyilganda ikkilanmay rozi boʻldi. Onasi bilan maslahatlashib ham oʻtirmadi. Uning nazarida boshiga baxt qushi qoʻngan, endi paysalga solish mumkin emasdi. Bir tomondan qizning otasi kimyo sohasida taniqli olimlardan, ikkinchi tomondan shartning “hech boʻlmasa ukam ulgʻaygunicha ichkuyov boʻlib turasiz”, degan ilovasi ham bor edi. Shaharda qolib, ilm bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan yigit uchun yana nima kerak?

Onasining topgan-yiqqani bilan shaharlik olimga quda boʻlish oson ekanmi? Anchagina qarz koʻtarildi. Toʻy oʻtdi. Shavkat shaharda baxtidan mast yashaydi. Qishloqda Munavvara bilan Ibrohim qarzdan tezroq qutilish tashvishi bilan nafas olishadi. Kambagʻalni tuyaning ustida ham it qopadi, deyilganidek, qarz yarimlamay turib, Ibrohimni harbiy xizmatga chaqirishdi. Aslida kasalvand onasiga qarash uchun xizmatdan ozod qilinishi lozim edi. Lekin u yolgʻiz farzand emas, onaga qarashi kerak boʻlgan yana bir oʻgʻil bor edi. Shahardagi oʻgʻilning bemehr chiqqanini esa qonun tan olmasdi.

Xizmati harbiy qurilishda oʻtgan Ibrohim topgan pulini hech narsaga sarf qilmay uyga olib keldi. Onasiga uzatib: “Qarzlarga bering”, dedi. “Qarzdan qutilganmiz, bolam, oʻzingga

yaxshi kiyim-bosh olgin”, dedi Munavvara. Shunda Ibrohim uning koʻzlariga tikildi. Sal avval sogʻinib-sogʻinib tikilganida koʻrmagani - mungni koʻrdi. Bu ne hol? Yuragining bir parchasi -oʻgʻli kelib, diydoriga toʻyganda bu mung koʻzlarni tark etishi kerak edi-ku? Nega yoʻqolmadi? Bu mung ushalmagan orzu qoldirgan iz edi. Munavvara kenjasi harbiydan qaytguniga qadar qarzlardan qutulib, toʻy tadorigini koʻrib qoʻymoqchi edi. Qarzdan-ku, qutuldi, ammo orttirib, sandiqqa bir kiyimlik mato ham tashlab qoʻya olmadi...

...Gulxandagi oʻtin namroq ekanmi, tutab, Ibrohimning dimogʻini achishtirdi. Koʻzlari yoshlanib, bir necha daqiqalik xotira dunyosidan qaytdi.

Toʻlqin “Shaharning yangi prokurori nega meni yoʻqlab qoldi ekan?” degan savoliga javob topguniga qadar ancha vaqt oʻtdi. Qabulxonada qariyb yarim soat toqat bilan kutdi. U toʻsatdan chaqiriluvining boisini mashina oʻgʻrilariga taaluqli ish bilan bogʻlasa-da, xulosa qanday boʻlishini bilolmay garang edi. Uning taxminicha, osmondagi Quyoshni ham olishga qodir Keldiyorov bu yerga ham kelganu muddaosiga yetib ketgan.

Toʻlqinning gumoni qisman toʻgʻri chiqdi. Prokurorning birinchi savoli shu oʻgʻrilik toʻgʻrisida boʻldi. Toʻlqin “Ish”ning tafsilotini erinmay bayon qildi, prokuror sabr bilan tingladi. Toʻlqin gapni bas qilgach, mulohaza bildirib oʻtirmay, maqsadni aytib qoʻya qoldi:

-Keldiyorovning kimligi bizga ma’lum. Yugurib yurganini ham bilamiz. Balki sizga poʻpisa ham qilgandir. Bu ham ehtimoldan holi emas. Endi gap bunday: bu ishni oʻzimiz tergov qilamiz. Har hil gumonlarga bormasligingiz uchun aytib qoʻyay: birinchidan, “Ish”ni sizga ishonmaganimiz uchun olayotganimiz yoʻq. Siz meni birinchi marta koʻrib turibsiz, lekin men sizning mahoratingiz haqida eshitganman. Ayniqsa, - shunday deb prokuror ma’nodor kulib koʻydi, - oʻjarligingiz haqida koʻp gapirishadi. Tuman miqyosida koʻrilishi lozim boʻlgan bu kichkina “Ish”ning shahar prokuraturasi ihtiyoriga olinishiga boshqa sabablar bor. Hozircha bu “Ish”ning boshqa jiddiyroq “Ish”lar bilan aloqadorligini aytish bilan cheklanaman.

Prokuror huzuriga chaqirmay, bunday izoh bermagan taqdirda ham, “Ish”ni topshirish haqida qisqacha buyruq berib qoʻyganida ham Toʻlqin bir nima deya olmas edi. Shu bois boshqa savol berib oʻtirmay, qaytishga izn soʻradi. Prokuror oʻrnidan turib, xayrlashish uchun qoʻl uzatdi-da: “Bu “Ish”ni butunlay unutmang, vaqti kelsa, sizni chorlaymiz”, deb qoʻydi.

Toʻlqin ishxonasiga kelib, “Ish”ni topshirish uchun tayyorladi. Prokurorning kutib olishi va kuzatishini, aytgan gaplarini qayta-qayta esladi, mulohaza qildi. Masala Keldiyorov foydasiga hal boʻlmayotganiga ishondi. Ammo Keldiyorovning poʻpisasi tufayli koʻnglida uygʻongan tashvish olovi pasaymadi. Avvallari ham turli martabadagi odamlar unga shu kabi, hatto bundanda battar tahdidlar qilishsa ham choʻchimas edi. Hatto bittasi mahalla chetidan oʻtayotgan katta yoʻlni naq uning uyi ustidan oʻtkazmoqchi ham boʻlgandi. Unda bu kabi poʻpisalarning koʻp puch ekanini sezib turardi. Endi esa... qoʻrqishi bejiz emas. Jinoyat olami avvalgidan koʻra yovuzlashdi. Nimaga shunaqaligini u koʻp oʻylaydi, biroq aniq sababini aytib berolmaydi. Uning bilgani faqat bitta: kinolarda koʻrsatilayotgan jinoyatchilarning yovuzliklari kino tasmalarida qolib ketayotgani yoʻq, hayotga koʻchib, urchib, koʻpayib boryapti.

Toʻlqin “Ish”ni topshirib, rasmiyatchiliklarni ado etgach, oʻgʻli oʻqiydigan Akademiya sari beixtiyor ravishda yoʻl oldi. Ertalab xotiniga “biz oʻgʻling bilan toʻrt yil avval kelishib olganmiz, men akademiyasiga bormaslikka soʻz berganman”, degani bilan va’dasiga sodiq qololmadi. Navbatchiga yaqinlashib, oʻzini tanishtirdi-da, oʻgʻliga ikki ogʻiz gap aytib ketishi lozimligini bildirdi.

-Toʻrtinchi bosqichdan hech kim yoʻq-ku? - dedi navbatchi unga javoban.

-Nega hech kim boʻlmaydi? - deb ajablandi Toʻlqin.

-Imtihondan oldingi oxirgi amaliyotga ketishgan, - dedi navbatchi.

-Qayoqqa ketishadi? - deb battar ajablandi Toʻlqin.

-Buni oʻgʻlingizning oʻzidan soʻraysiz, aytish mumkin boʻlsa, aytadi, - deb gapni kalta qilgan navbatchi joyigaqaytdi.

Toʻlqin sal nari borib, toʻxtadi. Nazarida hozir navbatchi uni chaqirib, Salohiddinning qayerdaligini aytadiganday edi. Qayerga borishni, nima qilishni bilolmay, botayotgan oftob kuzatuvida pastak archalar oralab yurdi. Soʻng yoʻlovchi mashina toʻxtatib, uyiga ketdi.

Darvoza ostonasidan hatlaboq ayvoni tomon umid bilan qaradi. Nazarida oʻgʻli uyga qaytganu shu yerda oʻtirganday edi. Ayvonda dazmol bosayotgan Robiyaning qoʻli ishda-yu, xayoli televizorda edi. Ertalab yoqilgan televizor hanuz oʻchirilmagandi. Oʻgʻli haqida yana biron suyunchli xabar eshitish niyatidagi Robiya kun boʻyi televizordan uzoqlashmadi. U erining kirib kelganini sezmadi. Toʻlqin “uyga kirsammikin yo izimga qaytsammikin?” degan xayolda toʻxtab qoldi. Oʻgʻlidan xabar olgani kelganini xotini bilib qolsa, bir tashvishi oʻn boʻladi. “Ehtimol ichkarida dam olib yotgandir?” Bu umid chirogʻi koʻnglini sal yoritib oʻtdi. Bu onda chap tomondagi ayvon derazasi ochilib, kelini salom berdi. Toʻlqin unga qaramay alik oldi-da, oʻz uyi tomon shoshildi. Obodxonning “Bizning ishimiz nima boʻlyapti?” degan savol nazari javobsiz qoldi. Labini burganicha garmdori aralash soʻzlaridan bir qanchasini uning izidan pichirlab sochdi-da, derazasini taraqlatib yopdi. Bu shovqindan choʻchib tushgan Robiya orqasiga oʻgirilib, erini koʻrdi-yu, avvaliga bir oz ajablandi, soʻng quvongan ayolning jilmayishi bilan qarshiladi.

-Voy adasi, niyatim xolis ekan-a! Hozirgina oshni damlab, vaqtliroq kelsangiz birgalashib yerdik, deb oʻylab turuvdim. Farishtalar omin deyishibdi.

Toʻlqin xotinining koʻzlariga qarashga botinmay ichkari kirib ketdi. Oʻgʻillarining xonasi boʻsh. Uning qorongʻi koʻngli yanada zimiston boʻldi. Bu yerda uzoqroq tursa xotini xavotirlanib kirib qolishi mumkin edi. Shu bois tezgina iziga qaytdi.

-Kiyimingizni almashtirmaysizmi? - deb soʻradi Robiya dazmolni bir chetga qoʻyib.

-Kiyimimnimi? - “Nega almashtirishim kerak?” deb oʻyladi Toʻlqin, keyin parishon xayolini jamlab:-Ishga qaytishim kerak. Zarur qogʻozim qolib ketgan ekan, shunga keluvdim, - dedi.

-Ishingizga bir pas kech borsangiz osmon uzilib yerga tushmas. Oʻtiring, ovqatni suzib kelaman, - dedi Robiya norozi ohangda.

-Ovqatmi?.. Yaqinda osh yevdim, qornim toʻq.

-Vaqtli kelganingiz uchun quvonganimda yana dilimni vayron qilib ketasiz-a. Bitta oʻzim soʻppayib oʻtiramanmi?

-Ozgina sabr qil, kelin tushirsak uyimiz toʻlib qoladi.

-Keladigan kelin bechora ham erini kutib oʻtiradi hali.

-Senga nima boʻldi? Ertalabdan beri meni chaqqing kelyapti?

-Ari boʻlibmi yo ilon boʻlibmi, ochigʻini aytavering.

Toʻlqin qarasaki, xotini astoydil achchiqlanishni boshlayapti. Oʻzini jilmayishga majbur qilib, beligaqoʻl yubordi.

-Voy, oʻlmasam, keliningizning koʻzlari shu tomonda-ya!-dedi Robiya choʻchiganicha tisarilib.

-Boʻldi. Sen yengding, men taslim. Ovqatingni olib kel, boʻkib qolsam ham yeyman.

Toʻlqinning tili soʻzlasa-da, lablari jilmaysa-da, xufton dili portlab ketay derdi. Qayerga borishni, kimdan soʻrashni, kim bilan maslahatlashishni bilmaydi. “Keldiyorovning gapi shunchaki poʻpisa, buncha xovliqasan? Oʻgʻling oʻzini xafa qildirib qoʻyadigan yosh bolamas-ku?” deb oʻziga oʻzi tasalli bermoqchi boʻlardi. Lekin bu tasalli chirogʻini tashvish shamoli puflab, oʻchirib koʻyardi. Xotini ovqat suzib kelgunicha diqqati yanada oshdi. Xavotir bulutiga burkangan bir necha daqiqa bir necha yil yil kabi tuyuldi. Boshqa holatda ehtimol xotiniga qarab baqirib bergan boʻlardi. Lekin hozir unday qilolmaydi, tashvishining oshkor boʻlishidan choʻchiydi.

Qorin och, osh shirin boʻlsa-da, tomoqdan oʻtishi qiyin edi. Toʻlqin “qorni gʻoyat toʻq” ekanini bahona qilib, qoshiqni qoʻydi. Robiya zoʻrlamadi. Choy quyib uzatdi.

-Hali siz ketishingiz bilan oʻgʻlingiz telefon qildi, - dedi choy quyib uzatib.

Bu xabar Toʻlqinning zulmatdagi dilini chaqmoq kabi yoritib, shoshilib soʻradi:

-Salohiddinmi?

Chaqmoqning bevafo nuri aldagani kabi, bu xabar umid oʻtini yoqa olmadi.

-Yoʻ-oʻq, Bahriddiningiz. Xushxabarni eshitganimizni bilmaydi-da, suyunchi bering, deydi. Suyunchi tayyorlab qoʻyishimiz kerak.

-Toʻgʻri aytasan.

-Gʻolib boʻlganlarni har hil shaharlarga olib borishibdi.

-Salohiddin kelmadimi?

Gap Bahriddin haqida ketayotganda toʻsatdan bunday savol berilishi Robiyani ajablantirdi:

-Bugun kelmaydi-ku?

-Nega kelmaydi?

-Ertalab aytdi-ku? Men gapirsam, oʻzingiz yana qaysarlik qildingiz. Haliyam boʻlsa, boring, boshliqlari bilan gaplashing. Har kuni uyga keladigan boʻlsin.

Toʻlqin oʻrnidan turdi. Zinadan tushayotib xotiniga oʻgirilib, tayinladi:

-Kelib qolsa, ogʻaynilarini bahona qilib joʻnavormasin, zarur gapim bor.

Zinadan tushib bir-ikki qadam qoʻyishi bilan yaqindaginada taraqlab yopilgan deraza yana ochildi.

-Mullaka, ishimiz bitay deb qoldimi? - deb soʻradi Obodxon.

Toʻlqin javob berish uchun toʻxtamadi, unga qaramadi ham.

-Ishingiz qanday boʻlsa shunday turibdi, u yerda tanishlarim yoʻq.

-Oʻzimiz harakat qilaylikmi unda?

-Ha.

Shunday deb chiqib ketdi. Bu qoʻrsligi uchun kelini bombalardan birining piligini yoqishi mumkinligini oʻylamadi.

Obodxon qaynogʻasining izidan bir pas gʻazab bilan qarab turdi-da, soʻng ovsiniga oʻgirildi.

-Voy savil!-dedi zardali ohangda. - Nokaslik ham evi bilanda!

Robiya bu gapni eshitmaganday ayvonga qaytib kirib ketaversa ham boʻlaverardi. Lekin iblis koʻkragidan itarib hech boʻlmasa bittagina gap aytishga majbur qildi:

-Obodxon, menga gapiryapsizmi?

-Yoʻq, devorga!

Obodxon shunday dedi-yu, odatiga xilof ravishda gapni kalta qilib, derazasini yana taraqlatib yopib oldi.

“Men gunohkorman Ibrohimjon, kechiring, siz kechirmasangiz Xudo ham kechirmaydi”.

“Men sizni kechirganman kennoyi, ruhingiz qiynalmasin, bezovta boʻlavermang”.

“Men baxtsiz ayolman...”

“Unday demang”.

“Kibrimga yarasha qabr azoblari berildi. Hali oldinda qiyomat azoblari ham bor. Men sizni “qaynim” deyishga ham orlangan edim. Sizni qayni emas, ukam oʻrnida koʻrganimda oxiratim bunchalar ayanchli boʻlmas edi... Qaynisini “ukam” deya olgan kennoyilar qanchalar baxtli ekan!..”

Gulxandan sachrab chiqqan uchqunlar kennoyisining kir koʻylagiga yopishib kuydira boshladi. Ibrohim oʻtni oʻchirish uchun turmoqchi boʻldi, biroq oyoqlari qimirlamadi - uning hukmiga boʻysunmadi.

Koʻylak alanga oldi. Kennoysi bir zumda kuyib kul boʻldi...

It hurib, Ibrohim koʻzlarini ochdi. Gulxan alangasi soʻnibdi. Shabada choʻgʻlarni yalab yaltillatib turibdi. Ibrohim hozirgina kennoyisi turgan joyga qaradi. Maysa bosilmagan, kulham yoʻq.

Ibrohim choʻgʻni titib, oʻtin tashladi. Bu tushda nima hikmat bor ekan, deb oʻylandi. Keyin shiypondagi oʻrniga chiqib yotdi. Bitta koʻrpachayu bitta yostiqqa koʻnikkan tanasiga bu safar oʻrin qattiqlik qildi: u yonboshdan bu yonboshga agʻdarilaverib uxlay olmadi. Kishloqdagi bir-ikki xoʻroz subhi kozibga aldanib chala-yarim qichqirib qoʻygach, oʻrnidan turdi. Sovuq suvda tahorat olgandan soʻng tahajjud namozini niyat qilib qoʻl bogʻladi.

Mirzatilla soʻfining ovozi kelib, subhi sodiq kirganini ma’lum qilgach, eshakka minib qishloq tomon yoʻl oldi. Bomdod oʻqilgandan keyin masjid qavmi bilan salom-alik qilib bir oz gurunglashish odati bor edi. Bu safar koʻrgan tushining ta’siri tufayli odatini kanda qildi. Uyga kirib, kampiridan xabar ham olmay bogʻiga qaytdi. Qumgʻonda choy qaynatdi. Bir piyola choy, bir tishlam non - uning nonushtasi shu boʻldi. Ketmonni qoʻliga oldi-yu, yana joyiga qoʻydi. Shiypon chetida oʻtirib, xayolga toldi.

U tabiatan irimchi boʻlmasa-da, tushda koʻrganlarini e’tiborsiz qoldirmaydi. Bunga qamoqxonada koʻrgan oxirgi tushi sabab boʻlgan. Oʻshanda “ertaga ozodlikka chiqaman”, degan hayajonda deyarli uxlamagan ham edi. Tongga yaqin koʻzi ilinibdi. Moʻljali boʻyicha yo bir yo ikki daqiqa mizgʻigandi. Tushida onasini koʻrgandi Onasi oppoq libosda emish.

“Ayajon, ozodlikka yetib keldim”, -dermish u quvonib.

“Sen yetib kelding, men esam ketyapman”, -dermish onasi ma’yuslanib.

“Qayoqqa?”

“Otangning oldiga...”

“Otam... uzoqdalar-ku?”- dermish u ajablanib.

“Uzoqdamas. Pastga tushsam boʻldi, bir pasda yetaman. Otangni sogʻindim”, - dermish onasi.

“Ketmay turing, men sizni sogʻinganman”.

“Sogʻinishimiz qiyomatga qadar... Oxirgi gapimni unutma: hech kimdan qasos olma. Sud paytida xoʻjayiningni oʻldiraman, deb ont ichgan eding. Asti unday qilma. Uni Xudoning oʻzi jazolaydi. Men Xudoga munojotlar qildim: sen uzoq umr koʻrasan, baxtli hayot kechirasan. Men roziman sendan, Alloh ham rozi boʻlsin...”

Shunday deb qishloq qabristoniga borganmish. Ochiq goʻrga tushganmish. Qabrga tuproq tashlanmaganmish, ochiqqolganmish...

Onasi qasos olmaslikni ta’kidlab har maktubida yozardi. Hukm oʻqilganida, haqiqat va adolat chekinib, tuhmat gʻalaba qozongan onda xoʻrlik azobiga dosh berolmagan yurakdan “Seni baribir oʻldiraman!” degan qasos soʻzlari otilib chiqqan edi. Aslida qonida zulm olovi boʻlmagan Ibrohimning ozodlikka chiqqach tuhmatchi xoʻjayinini oʻldirish niyati yoʻq edi. Lekin onaning qulogʻiga oʻrnashib qolgan oʻsha hayqiriq zarracha pasaymasdi. Ba’zan sokin tun bagʻrini ham yorib jaranglab, uyqudagi onani sapchib turishga majbur etardi. Nazarida hademay oʻgʻli ozodlikka chiqardi-yu, qasosini amalga oshirib, yana qamoqqa qaytardi. Oʻgʻliga tez-tez yozadigan maktublarini ana shunday havotir siyohiga botirib yozardi. Ibrohim buni his qilib turardi, har javobida qasos olmaslikka va’da berardi. Suddagi hayqirigʻi ont emas, shunchaki alam soʻzlari ekanini tushuntirishga harakat qilardi.

Aslida xoʻjayinini oʻldirmasa ham tuhmat soʻzlarini aytgan tillarini sugʻurib olishni juda-juda xohlardi. Ibrohim harbiydan qaytganidan keyin xoʻjaliklar aro qurilish idorasiga ishga kirgandi. Eski yuk mashinasini eplab tuzatib olib, xizmatni beminnat bajarib yurib edi. Xoʻjayini bir mashina taxtani koʻshni viloyatdagi qishloqqa olib borishni buyurdi. Ibrohim taxtalarning hujjatini soʻraganida “ikki qadam yerga ham hujjatmi!” degan tanbehni eshitdi. Boradigan yeri boshqa viloyat boʻlgani bilan orasi yaqin edi. Ammo ana shu yaqin masofaga borish uchun militsiya nazorati postidan oʻtilishi shart edi. U yerdagilar “ikki qadam yerga ham hujjatmi?” degan gapga koʻnishmadi. Xoʻjayin esa “taxtani men joʻnatmaganman, oʻzi oʻgʻirlab sotmoqchi boʻlgan”, deb turib oldi. Tergovchi “ozgina harajat bilan chiqib ketishi mumkin”ligini aytdi. Ibrohimda “ozgina harajat”ga loyiq pul yoʻqligini bilib nafsi orom ololmagan tergovchi qiynoqlarini ishga soldi, farzandni oʻgʻri qilib tarbiya qilgan onani ham qamoqda chiritishga va’da berdi-yu, oqibat oʻzi istagan qogʻozga imzo chektirib oldi.

Bolaligida och qolgan kezlari bitta boshoqqa ham xiyonat qilmagan Ibrohim “oʻgʻri” degan tamgʻa bilan umrining salkam besh yilini koʻmir konlarida oʻtkazib, ozodlikka ham shu tamgʻa bilan chiqqan edi.

Oʻshanda iblis bir iblisligini qildi-ya!

Toshkentga yetib kelib, poyezddan tushgach, toʻgʻri qishlogʻiga ketaversa boʻlmasmidi!?

“Ehtimol ayam akamnikidadirlar, qishloqda boʻlsalar akam bilan birga kirib borsam quvonadilar”, degan xayolda ichkuyov akasinikiga borib edi.

Eshikni kelin ayasi ochdi. Avval tanimaganday qarab turdi. Keyin sovuqqina qilib “akangiz yoʻqlar”, dedi.

Iblis yana iblisligini qildi-ya!

Shundan soʻng indamaygina ketaversa boʻlmasmidi?

Yoʻq, akasiga ikki ogʻiz nordon soʻz aytishni qasd qildi.

Qorongʻu tushganida keldi. Eshikni emas, yotoqxona derazasini taqillatdi.

Chiroq bir yondi-yu, yana oʻchdi. Akasi chiqmadi.

Aslida chiqmoqchi edi. Deraza tiqillagach, chiroqni yoqdi. Xotini uygʻonib, qaddini koʻtardi:

-Chiqmang, chiroqni oʻchiring, - dedi esnab.

-Nega? - deb ajablandi Shavkat.

-Yana ukangiz kelgandir, - shunday deb chiroqni oʻzi oʻchirdi. - Hali keluvdi...

-Uyga kirmadimi?

-Kelganida uy toʻla mehmon edi. “Erimning oʻgʻri ukasi qamoqdan chiqib keldi”, deb tanishtirishim kerakmidi?

-Uyga kirmasa ham chiqib koʻrishib qoʻyay.

-Hozir shart emas. Erta-indin partiyaga oʻtadigan odamsiz. Bunaqa ukangiz borligi ma’lum boʻlsa, raykomning yaqiniga ham yoʻlatishmaydi. Hech boʻlmasa dissertatsiyangizning javobi kelsin, keyin bordi-keldi qilaverasiz. Men hali “akangiz Maskovga ketganlar”, deganman, meni yolgʻonchi qilmang.

Yolgʻonchi xotinning bu yolgʻon gapiga Shavkat ishondi. Iblisning nafasi bilan keyingi gap sal nozli ohangda aytilib, yumshoq va issiq bilaklar boʻyinga chirmashdi-yu, lablar osongina qovushaqoldi.

Ichkaridagi bu savdodan bexabar Ibrohim bir oz harakatsiz turdi. Deraza tomon yana koʻl uzatdi, lekin taqillatmadi. Dilida akasiga la’nat toshlarini otganicha iziga qayta boshladi. Muyulishda uch yigitcha toʻxtatdi. Avval soat soʻrashdi. Keyin “yo hamyon yo jon!” deb dagʻdagʻa qilishdi. Ibrohim ularga bas kela olardi, bittasining qoʻlida pichoq borligini bilmabdi. Qovurgʻasi ostiga pichoqning sovuq tigʻi sanchilganida “meni ajal boshlab kelgan ekan-da”, deb oʻyladi-yu, hushdan ketdi. Kasalxonada hushi oʻziga kelganida yonida oʻtirgan notanish kishini koʻrib ajablandi. U kishi oʻzini “Usta Umar” deb tanishtirdi. Ammo uch kun avval kechasi koʻchada uchratib, bu yerga olib kelganini aytmadi. Ibrohim oyoqqa turgach, uyiga olib bordi, mehmon qildi. “Qiyomatli ogʻa-ini boʻlaylik, siz Xudoning marhamati bilan oʻlim jaridan chiqib keldingiz”, dedi u. Ibrohim uning taklifini qabul qilib, “men hali beri oʻlmayman, onam menga uzoq umr tilab duolar qilganlar”, dedi. Bu gapni eshitgan usta Umar “Onaning duosi qabul, insha Alloh”, deb qoʻydi.

Ibrohimning biqiniga pichoq sanchilgan payt...

Ikki oʻgʻilni tugʻib, tarbiya qilgan onaning lablariga begona odam suv tomizayotgan vaqt...

Taqdirni qarang-ki, har ikki voqea bir daqiqada yuz bergan edi.

Akasinikiga kirmaganida onasidan rizolik tilab qolishga ulgurardi...

Bular endi oʻtmish. Akasi va kennoyisining gunohlarini kechirgan boʻlsa-da, dilni tirnab yaralagan bu alamlarni unuta olmaydi. Ehtimol qiyomatda yana uchrashishar. Lekin Ibrohim bu dardlarni Allohning huzurida dasturxon qilib yozishni istamaydi. Aksincha, akasini doʻzax azobidan qutqarishni soʻrab, Allohga yolboradi. Akasi shaharga oʻqishga ketguniga qadar qishloqda qanday ahil yashashgan boʻlishsa, jannatda ham shunday qovushib yashashni umid qiladi. Faqat...

Keyingi oyda koʻrayotgan tushlari, koʻziga koʻrinayotgan sharpalar uni bezovta qilib qoʻydi.

Qayta-qayta istigʻfor aytdi-da, ketmonni yana qoʻliga oldi. Ish bilan ovunishni niyat qildi. Ammo boqqa olib keluvchi yoʻlda bir ayol va bir erkakka koʻzi tushib, shashtidan qaytdi. Ayol -oʻzining kampiri. Erkak shu kampirining amakivachchasi Mardiqul. Ibrohim hech mahal otini toʻgʻri aytib chaqirmagan. Bolalik kezlari shu qishloq koʻchalarini changitib oʻynab yurishganida “Qulvachcha” deb hazil qila-qila oqibat bu laqabga oʻrganib qolgan. Hozir ham Mardiqul yaqinlashgach:

-Ha, Qulvachcha, tinchlikmi, amakingning qizini bekorga ergashtirib kelmagandirsan? - deb qarshiladi.

-Namozdan keyin uyingga kirarsan, deb kutdim, kirmading, shoshmasang bogʻingni birov tag-tugi bilan oʻmarib ketarmidi? - dedi Mardiqul.

-Senam odamga oʻxshab peshonangni sajdaga qoʻysang har kuni ertalab masjidda koʻrishib turardik.

-Eski gapingni chuvamay tur, buning ham vaqti-soati kelib qolar.

-Vaqti-soati deganing yogʻoch otga mindirib olib kelishlarimi? Unda kech boʻladi.

-Hay, otasi, birov oldingizga kelganida sal shirinroq gapiring, - deb tanbeh berdi Munisa.

-Bu birov emas, qiyomatli oshnam, qiyomatda buning uchun ham javob beraman. Sen qarindoshingning oldida oʻzingdan ketmaginu, tezda oʻt yoqib, qumgʻonni qoʻy. - Munisa itoatkorlik bilan nari ketgach:-Tinchlikmi, oʻgʻlingning ishi nima boʻlyapti? - deb soʻradi.

-Tergovchi koʻnadigan, lekin katta soʻrayapti. Kamaytiradigan har yili uchun mingdan berishim kerak ekan. - Mardiqul bu gaplarni ogʻir fojiaga giriftor boʻlgan odam ovozi bilan aytdi. Keyin “koʻkidan” deb izoh berdi-da, uf tortdi.

-Soʻraydigan - u, beradigan - sen. Nima qilmoqchisan?

-Shuning maslahatiga keldim. Ikkita buqani sotishim tayin. Lekin uning puli urvoq ham boʻlmaydi. Oʻlimlikka asraganim ham bor.

-Nima asragansan, pulmi?

-Ha.

-Oʻlimlikka pul asralmaydi, iymon asraladi.

-Shunaqa gaplaringni qoʻyib turgin. Nima qilay, qarz yigʻayinmi yo uyni sotaymi?

-Esingni yeb qoʻyibsan. Qarindoshlaring orasida ming dollari bor odam topiladimi? Xoʻp, uyni sotding, oʻgʻlingni chiqarib olib kelding. Kimning ogʻilxonasida yashaysanlar?

-Koʻchadaqolmasmiz?

-Oʻzing ahmoqsan. Oʻgʻling kichkinaligida “shu bolani domlaga ber, oʻqitsin, ovozi shirali, zoʻr qori boʻladi”, deganimda unamovding. Ashulachi boʻladi, deb Xudo bergan ovozni xor qilding. Oqibat ashulachi ham boʻlmadi, boshingga bir baloni orttirib berdi.

-Qoʻy, shu gaplaringni, oʻgʻlimga tuhmat qilishdi, nashani dushmanlari atayin tashlab qoʻyishgan.

-Enang tirilib kelsa bu choʻpchagingni enangga aytarsan. Ikki gramm qoradorini tashlab qoʻyishibdi, desang ishonardim. Ikki qop nashani birov tashlabdi-yu, oʻgʻling ogʻzini ochib lallayib oʻtiribdi-da, a? Bilib qoʻy, million dollar bersang ham chiqara olmaysan. Bahonada tergovchi seni shilib olmoqchi.

-Sovuq nafas qilma, hech boʻlmasa yarmiga qisqartirib beradi. Sen eng qadrdon oshnamsan. Qarz soʻrashni sendan boshlayapman: qancha bera olasan?

Ibrohim bu savolni kutgan edi. Javobi ham tayin edi. Lekin aytilajak soʻzlarning havoga singib ketishini bilgani uchun shoshilmadi. Umid bilan tikilib turgan koʻzlarga qaramadi. Qumgʻonga oʻt qalayotgan kampiriga tikilganicha oʻtiraverdi. Bu sukutni Mardiqul oʻzicha anglab:

-Ikki marta qarz olib qaytarmaganman, esimda turibdi. Shuni minnat qilma. Hammasini qoʻshib qaytaraman. Qarzlarni uzolmay oʻlib ketsam, oʻgʻlim beradi, - dedi.

Bu gapdan keyin Ibrohim uning koʻzlariga qaradi. Doʻstining gʻamli boqishi yuragini oʻrtadi. Lekin haqiqatdan chekinishni ham istamadi.

-Qarzdan qutulolmay oʻlib ketishing aniq, - dedi bosiq ohangda. - Sen oldingi qarzlaringdan havotir olma. Allohning roziligi uchun kechib yuborganman. Lekin hozir bir soʻm ham berolmayman.

-Nega? Puling yoʻqmi?

-Pulim yoʻq, desam yolgʻon aytgan boʻlaman, gunohga botaman. Pulim bor. Lekin bu harajating uchun berolmayman. Sen pora bermoqchi boʻlyapsan. Gunohingga sherik boʻlishni istamayman. Tergovchingning me’dasi shaytonning atalasiga oʻrganib qolgan, sen shu ataladan yalamagin.

-Porani men beraman, senga nima?

-Aytdim-ku...

-Oʻgʻlim qamoqda chirib ketaversinmi?

-Chirimaydi, balki esini butlab chiqar.

-Otasi, bu gʻariblarga yordam berish savob-ku, nega unaqa deysiz? - dedi kampir gapga aralashib.

-Sen qumgʻonga qara, - dedi Ibrohim jerkib.

-Agar shu gapingda turadigan boʻlsang, oshnachilikdan kechvoraman, bilib qoʻy, - dedi Mardiqul. Endi uning gapi ohangida gʻam emas, dagʻdagʻa mavjud edi. Ibrohim buni sezib bir seskandi-yu, biroq sir boy bermadi.

-Bizning oshnachiligimiz sen soʻrayotgan pulga qarab qolgani yoʻq. Oshnam deb men seni qidirib topganim yoʻq, senam meni izlamagansan. Allohning irodasi bilan shu yerda tugʻilib, shu yerda topishganmiz. Ikkovimizni Allohning irodasi bilan faqat goʻr ajratadi. Ishqilib qil koʻprikda ayri-ayri boʻlishdan Oʻzi asrasin! Sen hadeb valdirayvermasdan gapimga kir: peshonangni sajdaga qoʻy. Tavba qil. Oʻgʻlingga ham yetkaz: u ham tavba qilsin. Yurakdan istigʻfor aytsalaring Xudo gunohlaringni kechiradi.

-Munis! Buningning gaplarini eshityapsanmi!? Juda-a aqlli boʻlib ketgan bu!-deb baqirdi Mardiqul kampirga qarab. - Ahvolimni boshqalar tushunmasa ham bu tushunishi kerak edi. Har holda qamoq nimaligini bilardi. Qamoqdan chiqib kelganida senga ming marta aytganman: shu oqibatsizga tegma deb! Oshnachilik hurmatini bilmasa, qarindoshchilik hurmatini bilmasa! Qalin puliga bir tiyin soʻramasdan seni berganmiz bu yalangoyoqqa. Endi yalang oyoqlariga kavush bitib aql oʻrgatadigan boʻlib qoldilarmi! He, oʻlgurdim! Menga qara, sen donishmand!-Shunday deb Ibrohimga zaharli nigohini qadadi:- Men goʻr-poʻringni kutib oʻtirmay sen bilan oshnachilikni uzdim. Sen beradigan toʻrt tangasiz ham bolamni qutqarib olaman.

Shunday dedi-yu, Munisaning hay-haylashiga qaramay tez-tez yurib ketdi. Ibrohim esa oʻrnidan jilmadi. U oshnachiligining uzilganidan emas, doʻstining iymonga yaqinlashishni istamayotganidan mutaassuf edi.

Tutundan yoshlangan koʻzlarini artgan Munisa nima qilarini bilolmay oʻrtada turib qoldi.

-Boshlab kelgan amakivachchangni endi borib ovut, - dedi Ibrohim dagʻal ohangda.

-“Bori shu”, deb ozginagina pul berib qoʻya qolsangiz boʻlardi-ku? - dedi Munisa nolish ohangida.

-Sen yolgʻonchiga emas, haqgoʻyga tekkaningni shu paytgacha bilmasmiding?

-Bilaman, lekin onda-sonda yolgʻon gapirsangiz boʻlaveradi.

-Sen qachondan beri fatvo beradigan boʻlib qolding? Xotinlardan muftiy chiqishi mumkinligini bilmagan ekanman. Qulogʻingga quyib ol: igna ham koʻzni koʻr qiladi, xodaning uchi ham. Gunohga sheriklikning katta kichigi boʻlmaydi. Men faqat oʻzimni oʻylaganim yoʻq.Nodon qarindoshingni gunohdan saqlab qolmoqchi edim. Oshnachilikni uzsa uza qolsin. Tobutimning bir chekkasini shu koʻtaradigan boʻlsa, koʻtarmay qoʻya qolsin.

-Unaqa demang, achchiq ustida gapirib yubordilar.

-Bunaqa achchiqni onasiga borib qilsin. Pul qayerda turishini bilasan, uyga borginda hammasini olib ber. Qarzga emas, yeb ketarga, degin. Qarindoshlar bir boʻlib oxiratimni kuydirishdan ham qaytmaysanlar!

Ibrohim shunday dedi-da, ketmonni olib daraxtlar orasiga kirib ketdi. Uning fe’lini bilgan kampir boshqa gapirmay, iziga qaytdi.

Kun tikkaga kelganida Ibrohim charchadi. Ketmon urib hansiramasdi, asabiylashgani sabab boʻldi shekilli nafasi siqildi. Shiyponga qaytib, oʻchoqqa oʻt qaladi. Kechagi ovqatdan qolganini isitdi, choy damladi. Bir kosa shoʻrvaga qanoat qilmaydigan odam yarim kosa taomni ham icholmadi. Bir piyola choydan soʻng kosaning tepasiga sochiq tashlab qoʻydi. Koʻrpachaga yonboshlay turib boqqa olib keluvchi yoʻlda kelayotgan milisaga koʻzi tushdi. Tikilib qaradi: taniy olmadi.“Kim boʻldi ekan?” degan xayolda qaddini koʻtardi. Milisa yigit yaqinlashgach, jiyani Salohiddinni tanib koʻngli yayrab ketdi.

Salohiddin uni koʻrib jilmaydi: “Opoqdada, assalomu alaykum!” deb quloch yoyganicha xuddi yosh boladay yugurdi.

-Opoqdadangni sogʻintirib qoʻyding-ku, toychogʻim!-dedi Ibrohim uni bagʻriga bosib. Keyin shiyponga boshladi. Qaynogʻi oʻlmagan choydan quyib uzatdi. Soʻng hovuzchadagi bidondan kosaga qatiq quydi:-Oftobda ancha urinib qolibsan, darov ichib ol, quyoshning taftini bosadi. Togʻning oftobi juda issiq boʻlmasa ham senga oʻxshagan nozik niholchalarni urib qoʻyishi mumkin.

-Unchalik emas, opoqdada. Shu oftobda yigirma kilometrga yugurib, imtihondan “besh” olganman, - dedi Salohiddin qatiqni ichib olgach.

-Endi bu imtihoning yilda bir boʻlsa boʻlar, boʻlmasa yoʻq. Kunda yugurganingda menam senga besh ketardim, - dedi Ibrohim jiyanining qarshisiga oʻrnashib oʻtirib olib, - Qani, gapir-chi, ota-onang, ukalaring, amakingnikidagilar sogʻ-salomatmi?

-Hammalari yaxshi, salom aytishdi, - dedi Salohiddin. “Salom aytishdi” degan yolgʻon pardasi yordamida hech kimga bildirmay kelganini yashirdi.

-Salomat boʻlishsin, - dedi Ibrohim. - Sen shu yerda picha dam ol. Koʻngling koʻtarsa mana bu shoʻrvani ichib ol, bir-ikki qoshiq urganman xalos.

-Sizdan qolgan ovqat tabarruk-ku? - dedi Salohiddin kulimsirab. Ibrohimga bu gap ma’qul kelib suvi qochgan nondan burdalab kosaga solib berdi.

-Barakalla, qariyalarni izzat qilgan odam dunyoda izzat bilan yashaydi. Sen ovqatni ichib olgin, keyin qishloqqa tushib palovxontoʻra damlaymiz. Uyga kirgandirsan, opoq buvingni koʻrdingmi?

-Uyda hech kim yoʻq ekan. Lekin hamma eshiklar ochiq. Men shu yerda boʻlsalar kerak, deb chiqib kelaverdim.

Ibrohim kampirining qayerda boʻlishini bilsa ham kulimsirab bosh chayqab qoʻydi-da, noligan ohangda dedi:

-Bu kampir tek oʻtirolmaydi. Men uyda boʻlsam-ku, jildirmayman-a! Yoʻqligimdan foydalanib ozodlikka chiqib oladi-da. Men opoq buvingga hayron qolaman: shunday katta qishloqqa ham sigʻmaydiganga oʻxshaydi. Agar shaharga olib borib, senlarnikiga oʻxshagan katalakka qamab qoʻysa nima qilardiykin?

-Bizniki katalak emas, opoqdada, katta hovli-ku? - deb e’tiroz bildirdi Salohiddin.

-Sen mana bunaqa keng yerlarda katta boʻlmadingda. Koʻzingga oʻsha katalaging ham bir olam boʻlib koʻrinadi. Xoʻsh, endi menga bir hisob ber-chi: oʻqishni tugatdingmi, milisa boʻldingmi? Endi shu yoqqa ishga kelasanmi?

Salohiddin qariyaning ketma-ket yogʻdirgan savollarini kulimsiraganicha eshitib, hazil tarzida javobqildi:

-Bitta oʻzim kelaveraymi yo toʻrt-besh oʻrtogʻimni olvolaymi? Bu yerlarda oʻgʻri koʻpayib ketdimi?

-Nega koʻpayarkan? - dedi Ibrohim yigitning hazilini jiddiy qabul qilib:-Bizning qishloqdan bittagina Dumbul oʻgʻri chiqqan. Shuning oʻzi yetti qishloqqa tatiydi. Bilib qoʻy: qaysi qishloqdan nomdorroq oʻgʻri chiqsa, oʻsha yerga begona oʻgʻri oralamaydi. Dumbul oʻgʻri shu atrof qishloqlardan bitta choʻp ham olmagan.

-Hozirqayerda u,qamoqdami?

-Nega qamoqda boʻlarkan? Uni sendaqalar biror marta ham ushlasholmagan. Shunaqa chapdast oʻgʻri edi. Qirq yil boʻldimikin, qishloqqa behos sel kelganida bitta qizchani qutqaraman, deb oʻlib ketdi bechora.

Bu gapni eshitib Salohiddin ajablandi:

-Qirq yil? U kishi oʻlib ketganidan keyin ham qishloqda oʻgʻirlik boʻlmadimi?

-Boʻlmadi.

-Rost aytyapsizmi?

Salohiddinning ishonqiramay bergan bu savolidan Ibrohim ogʻrindi:

-Endi rosmana milisa boʻlibsan, bolam, - dedi u.

-Nega?

-Negaki, milisa deganlari birovning gapiga ishona qolmaydi. “Shu yeru osmonni charaqlatib turgan quyosh boʻladi”, desang ham ishonmay, savolni qalashtirib tashlayveradi. Menga qaragin-chi, shu oppoq soqolim bilan sen mishiqiga yolgʻon gapiramanmi?

-Opoqdada, kechiring, bilmasdan aytvoribman.

-Shunaqasanlarda. Hali eplab burinlaringni artolmaysanlaru, kattalarga akl oʻrgatasanlar. Anavi tomonga qara-chi? Koʻryapsanmi, toklar ola boʻlib yotibdi. Bitta ham gʻoʻrasi yoʻq. Shu bogʻning egasi senga oʻxshagan bir mahmadana. Qarasam, erta bahorda toklarini ochyapti. Ochmay tur, bola, hov choʻqqidagi qorlar erib bitsin, keyin ochgin, desam, “siz tushunmaysiz ota, bahor allaqachon kelib boʻldi”, deydi-ya! Mening bobom ham, bobomlarning bobolari ham shu choʻqqiga qarab toklarini ochishgan. Men tushunmagan chol boʻlsam ham, bilganimdan qaytmay, toklarni ochmadim. U mahmadana toklarini ochgan kuni ertasiga qor tashlab, sovuq urib ketdi. U-ku, daromaddan qoldi, endi bir kunini koʻrar. Tok bechoralarga achinaman. Qara, hali ham kasal, oʻnglanolmay yotibdi. Agar men milisa boʻlganimda shunaqa noshudlarning ham adabini berib qoʻyardim.

-Iye, opoqdada, nima deyapsiz? Bunaqa ish milisaning vazifasiga kirmaydi.

-Shunaqasanlarda. Senlarga oʻgʻri kerak. Qachon birovning shoʻrini quritarkin, deb poylab oʻtirasanlar. Keyin yugur-yugurni boshlaysanlar. Xoʻp, endi aqlingni ishlatib ayt-chi: mana shu mahmadana noshudning oʻgʻridan nimasi kam? Qanchadan qancha odamning rizqini qiydi-ku? Bu milisaning vazifasi emas, deding, mayli, bu gapingga koʻnayin. Lekin shaharliklaring chiqaverib lolazorlarni payhon qilib tashlashganiga nima deysan? Hozir bu atrofda bir dona ham lola yoʻq. Shaharlik ovchilaring chiqib hali kaklik, hali uchragan boshqa jonivorlarni otib ketishyapti. Ilgari shu togʻlarda ayiqlar boʻlardi. Qishlogʻimizning nomi nima uchun “Sherbuloq”, oʻylab koʻrganmisan? Ilgarilari sherlar shu buloqlardan suv ichishgan. Endi qani ular? Sen bola, milisalikka oʻqibsan-ku, lekin hayotni uqmabsan. Aslingga tortibsan.

-Opoqdada, nima gunoh qilibman? - dedi Salohiddin qariyaning ta’nalariga tushunmay.

-Hali gunoh qilganingcha yoʻq. Shu tomonlarga ishga kelib, men aytgan falokatlarga befarq qarasang, gunohkor boʻlasan. Aslingga tortibsan, deganim, bobong ham bu togʻlarning qadriga yetmasdi. Unga kimyo boʻlsa bas edi. Bir kuni “Yaqinda bugʻdoy ekish ham shart boʻlmay qoladi. Nonni kimyoviy usulda olamiz”, deydi. Chin aytuvdimi yo hazillashuvdimi, bilmayman, lekin gapi rosmanasiga ahmaqona edi. Bobongga qoyil emasman, shunday joylarni tashlab shaharga ketvordi. Shu yerda mazza qilib yashasa boʻlmasmidi?

-Boʻlardi-ku... lekin ilm...

-Ha, bobongning bahonasi ham shu edi, - dedi Ibrohim armon bilan. - Bu yerlarda olimligini qila olmasdi. Lekin baribir oʻladigan paytida qishloqni qoʻmsadi. “Qishloqqa borsamu, yuztuban yotib soyning suvini simirib-simirib ichsam”, deb armon bilan ketdi. Bilib qoʻy: odam tuproqdan paydo boʻlgan, baribir yerga talpinib yashaydi. Qolgan hamma gaplar bekor. Qani, endi maqsadga koʻch-chi, meni koʻrgani keldingmi yo biror darding bormi?

-Sizni sogʻindim, koʻrgani keldim.

-Yolgʻon gapirma. Koʻzing aytib turibdi. Har holda amaking bilan adang orasidan ola mushuk oʻtgandir.

-Qayerdan bildingiz?

Ibrohim behalovat tushlari haqida gapirishni istamadi. Yigitga tikilib turdi-da vaziyatni oʻzicha tahlil qilib berdi:

-Katalakdek uyda ikki oila tursa, albatta bitta gap chiqadi. Amakingning fe’li tor, bilaman. Xotami Toy degan odamni eshitganmisan? Bu odam Toy qabilasining podshosi boʻlgan. Shuning egizak ukasi ham sahiylik qilib dong taratmoqchi boʻlibdi. Ular yashaydigan qoʻrgʻonning qirqta darchasi bor ekan. Tilanchi kampir kelib birinchi darchadan tilanibdi. Hotami Toyning ukasi sadaqa beribdi. Ikkinchi, uchinchi darchadan ham beribdi. Toʻrtinchisiga kelganda yana oʻsha kampirni koʻrib achchiqlanibdi: “Qanaqa sullah kampirsan, uchta darchadan sadaqani olding-ku, ketavermaysanmi!” deb urishib, haydabdi. Shunda kampir boshidagi roʻmolini yechib, kulibdi. Podshoning obroʻtalab ukasi qarasaki, tilanchi libosidagi kampir oʻzining onasi ekan. Shunda ona oʻgʻliga qarab: “Akang qirqta darchadan ham sadaqa berib ogʻrinmagan edi. Shuning uchun xalq uni yaxshi koʻradi. Sen bolaligingda ham nokas eding. Akang bitta koʻkragimni emib, ikkinchisini emmas edi, senga ilinardi. Sen esa bitta koʻkragimni emib turib, qizgʻanib, ikkinchisini qoʻlchang bilan changallab turarding”, degan ekan. Amaking shunaqa toifadan. Xoʻp, janjal nimadan chiqdi?

-Hozircha janjal chiqmadi. Lekin... yetilib turibdi. Vulqon otilmasidan turib bir borib kelsangiz boʻlardi.

-Uyni talashishyaptimi?

-Ochiqemas-ku... lekin...

-Qachondir shunaqa boʻlishini bilardim. Shuning uchun adangga: “Qoʻy shaharni, shu yoqlarda ham milisalik qilsang ham boʻlaveradi”, devdim. Senlarni oʻqitaman, deb bahona qilib koʻnmadi. E...e, - Ibrohim shunday deb xoʻrsindi, - Odamlarning yuragi tor boʻlib ketdi. Qaragin, atrofga ming-ming odam sigʻadi-ya! Lekin bir katalakni talashib yotaverishadi. Nimaga shunaqa, bilasanmi? Bilmaysan. Et bilan suyak orasiga shayton joylashib olgan. Iymoni sust odamni har kuyga solaveradi. Endi eshit: senga rivoyat aytib beray, biron ishga qasd qilsang shunga qarab fikr yuritarsan: “Odam alayhissalom bilan Momo Havvo shayton gapiga kirganlaridan keyin jannatdan quvilganlarini eshitgandirsan. Odam alayhissalom ming yil yigʻlab tavba qildilar, keyin tavbalari qabul boʻlib, Momo Havvo bilan qovushdilar. Bir kuni Odam alayhissalom yoʻq paytlarida Iblis alayhila’na Havvoning qoshlariga keldi. Yonida boshlab kelgan oʻgʻilchasini Havvoning huzurlarida qoldirib: “Oldingda tura tursin, keyin kelib, olaman”, dedi-yu, ketdi. Hazrati Odam keldilar, bu bolachani koʻrib: “U nega bu yerda turibdi?” deb soʻradilar. “Bir kishi qoʻyib ketdi”, dedilar Havvo. Odam alayhissalom bolaga qarab turib, bu iblisning ishi ekanini va uning sharridan qochmoq shartligini angladilar. Havvoni koyidilar. Soʻng bolani oʻldirdilar-da, parcha-parcha qildilar. Har bir parchasini daraxtlarga osib, keyin yana oʻz yumushlariga ketdilar. Shu zamoniyoq iblis qaytib keldi-da: “Oʻgʻilchamni nima qilding?” deb soʻradi. Havvo boʻlgan gapni yashirmay, aytdilar. Shunda iblis “Xonnas!” deb chaqirdi-yu, bolaning parcha-parcha boʻlaklari yana birlashdi. Iblis uni olib ketmay yana Havvoga “Shu bolakayga qarab turgin, men tezda kelaman”, dedi. Havvo “Odamdan qoʻrqaman, qabul qilmayman”, desalar ham iblis yalinaverib qoʻymadi. Havvo yana rozi boʻldilar. Iblis ketdi. Odam alayhissalom kelib koʻrsalar-ki, bolacha yana Havvoning yonlarida turibdi. Bundan gʻazablanib Havvoni injitdilar. Bu gal oʻt yoqdilar-da, bolakayni oʻtga otdilar. Keyin kulini ikkiga boʻlib, yarmini dengizga, yarmini yobonga sovurdilar-da, ishlariga ketdilar. Iblis kelib, oʻgʻli oʻtda yoqilganini, kuli esa sovurilganini eshitdi-yu, “Xonnas!” deb chaqirdi. Bolaning kuli yana qayta tirilib, otasi yoniga keldi. Shundan keyin iblis Havvoga yana ham qattiqroq yolbordi. “Shu safar ham qarab turgin, kelib bolani olganimdan keyin sira boshqa kelmayman”, deb qasam ham ichdi. Uning bu hiylasi ham ish berib, bolani tashlab ketdi. Odam alayhissalom yana kelib qarasalar, bola Havvoning yonida turibdi. Bu gal Odam alayhissalom gʻazablanib: “Shaytonning soʻziga kirasanu mening soʻzimga kirmaysanmi!” deb Havvoni urdilar. Erkak kishining xotinni urishi shu voqeadan boshlangan. Bu gal Odam alayhissalom Xonnasni olib borib qoyaga urdilar. Soʻydilar. Goʻshtini pishirdilar. Yarmini oʻzlari yedilar, yarmini Havvoga yedirdilar-da yana ishlariga ketdilar. Iblis kelib “oʻgʻlim qani?” deb soʻradi, Havvo boʻlgan voqeani aytdilar. Iblis shunda quvonib: “Mening maqsadim shu edi! Hosil boʻldi! Endi men ichingizga kirdim, koʻksingizga mahkam oʻrnashdim!” dedi”.

Ibrohim rivoyatni aytib boʻlgach, boshini quyi egib bir oz sukut saqladi. Keyin xazin ovozda davom etdi:

-Odamzotning fojiasi ham shu. Ichida shayton bor. Kimning iymoni sust boʻlsa, ichidagi shaytoni gʻolib. Kim iymonda sobit boʻlsa shaytoni zanjirband. Bolam, sen toʻgʻri gapimga ranjimaginu, agar uyinglar notinch boʻlsa bir-birlaringdan ayb qidirmanglar. “Iymonda qanday ekanmiz?” deb oʻylab koʻringlar. Aslida men bu gapni adang bilan amakingga aytishim kerak. Borsam aytaman ham. Senlar ham uch aka-ukasanlar, iymondan uzoqlashsalaring bu savdo senlarning boshlaringga ham tushadi. Shuning uchun bu haqiqatni hozirdan bilib, oldini olish chorasini koʻrishlaring kerak. Men uylaringga borishni niyat qilib turuvdim. Boraman. Lekin borishimdan biron natija chiqishi qiyin. Egilib qurib qolgan iymon daraxtini toʻgʻirlab qoʻyish qiyin. Yana Alloh biladi. Alloh istasa toʻgʻrilashi hech gap emas.

Shu gaplarni aytib, Ibrohim oʻrnidan turdi. Shiyponni yigʻishtirgach, jiyanini ergashtirib qishloq sari yoʻl oldi. Kampiri uyda edi. Ikkovining koʻzlari bir zumgina toʻqnashdi.

“Qarindoshingni ovutdingmi?” - deb soʻradi Ibrohimning koʻzlari.

“Shuncha gapdan keyin ovutish oson ekanmi, qahringiz biram qattiqki...” - dedi Munisaning koʻzlari.

Agar Salohiddin boʻlmaganda bu gaplar koʻz qarashi bilan ifoda etilmay iblis yordamida tilga koʻchar va almisoqdan qolgan boshqa gaplarni ham kavlab yuzaga chiqarardi.

Munisa Salohiddinni quchoqlab peshonasidan oʻpdi, hol-ahvol soʻradi. Ibrohim esa unga qaramay palovning tadorigini koʻra boshladi.

Toʻlqin uydan chiqib, yana ishxonasiga qaytib borishga bordi-yu, ammo oʻtirgisi kelmadi. Shom qorongʻusi tushganida ketmoqchi edi, boshliq chaqirtirib, prokuraturada boʻlgan gapni surishtirdi. Toʻlqin suhbatni bayon qilgach, ta’tilga chiqib, dam olishga ruxsat soʻradi.

-Isomovaning “Ish”i hali ham oxiriga yetgani yoʻq. Yigitlarga yordam bering, shu ish bir yoqlik boʻlsin, keyin ikkalamiz baravar dam olishga chiqib kelamiz, - dedi boshliq.

Toʻlqin Koʻrqmas yuritayotgan ishga aralashgisi yoʻq edi. Agar hozir bu haqda fikr bildirsa, albatta boshliq uni maydakashlikda ayblardi. “Kengroq boʻling, yoshlarning kamchiligiga osilmang, aksincha, yordam bering”, deganga oʻxshash nasihatlarni qalashtirib tashlardi. Shu bois topshiriqni qabul qilib, xonasiga qaytdi. Biroq, Qoʻrqmasni chaqirishga, “Ish” bilan tanishishga xushi boʻlmay, tashqariga chiqdi. Koʻchada maqsadsiz ravishda bir oz yurgach, uyiga ketdi. Robiya erini xursandchilik bilan qarshiladi. Toʻlqin uning quvonchini haydab, tashvish toʻzoniga burkashni istamadi. Hatto “oʻgʻling kelmadimi?”deb ham soʻramadi.

Bahriddindan kelgan quvonchli xabardan mast Robiya tongni yaxshi kayfiyat bilan qarshiladi.

Toʻngʻich oʻgʻli tashvishida boʻlgan Toʻlqin esa tunni azoblar chigʻirigʻi ostida oʻtkazdi. Nazarida bu tun unga yaldo kechasidan ham uzunroq boʻlib tuyuldi.

Nonushta qilgisi kelmasa ham, xotinining koʻngli uchun ikki piyola choy ichdi. Roʻparadagi ayvonda jonlanish sezilmay turib, ishiga shoshildi. Ishga shoshish bahona edi, toʻgʻri Akademiyaga bordi. Navbatchiga uchrashmay, biron tanish uchrab qolar, degan umidda chetda qarab turganida bir yigit kelib salom berdi. Toʻlqin uni tanisa-da:

-Salohiddin bilan birga oʻqiysizmi? - deb soʻradi.

-Ha, - dedi yigit. - Oʻgʻlingizni chaqirib beraymi?

-Shu yerdamikin, uni bugun koʻrdingizmi?

-Bugun koʻrmadim. Xolam qaytish qilib, qishloqqa ketuvdim. Endi kelyapman.

Yigit shunday deb ichkari kirib ketdi. Sal oʻtmay chiqib, Salohiddinning viloyat militsiyasida amaliyotda ekanini, kecha shoshqich ravishda Begovotga yuborilganini ma’lum qildi. Toʻlqin bu gapga darrov ishongisi keldi. Lekin kasbida odat boʻlib qolgan qarashi bilan yigitning koʻzlariga tikildi. Bu yerdagilar beruhsat chiqib ketgan doʻstlarining aybini yashirish uchun shunga oʻxshash yolgʻonlarni toʻqishardi. Toʻlqinning qarashiga dosh berolmay koʻzlarini olib qochgan yigit yolgʻonini fosh etib qoʻydi. Lekin Toʻlqin uni aybsitmay “Begovotga ketgan boʻlsa bugun kelib qolar, kelishi bilan menga qoʻngʻiroq qilsin”, deb iziga qaytdi.

Ishxonasiga borib, tushlikka ham chiqmadi. Telefon har jiringlaganda goʻshakni umid bilan koʻtardi. Kun asrga yaqinlashganda nihoyat, intiq kutgani - oʻgʻlining ovozini eshitdi. “Qayerda eding?” deb soʻramadi, salomga alik oldi-yu, “Komandiringdan soʻrab, bugun uyga kel”, deb gapni kaltaqildi.

Goʻshakni joyiga qoʻygan onda vujudi birdan boʻshashib ketdi. Kechadan beri uni siquvga olayotgan tashvish uni tark etgach, nazarida tanasida hech narsa qolmaganday edi. Tashvish hukmron paytida iblis uning xayollarini oʻgʻirlab qaysi koʻchalarga olib kirmadi! Shunday koʻchalarki, har birining boshi berk, har biri zulumotga oʻralgan, har biri yurakni ezadi. Vujuddagi boʻshliq uzoq davom etmadi. Iblis yana tashabbusni qoʻlga oldi. “Qayerda boʻldi ekan?” degan savolni iblisning oʻzi koʻndalang qoʻyib, oʻzi javob istay boshladi. “Bironta suyuq xotinning ketida yuribdimikin?” degan gumon kecha ham xayolini bir yoritib oʻtgan, joniga qasd qilinishi ehtimoli bosh koʻtarganda bu gumon unga hatto tasalliday boʻlib koʻringan edi. Endi esa sharmandalikning muzdek suvi ustidan quyilganday tuyulib etlari jimirlashib ketdi. “Xudo saqlasin!”deb beihtiyor pichirladi. “Oʻgʻlim toʻgʻri yuryaptimikin?” degan oʻy avvallari ham bot-bot xayoliga kelib turardi. Nomusiga tegib, zoʻrlanganlar militsiyaga arz-dod qilib kelishganda yuragi bir zirqirab olardi. Qizlarning ayrimlari koʻchada tasodifan tutib zoʻrlansa, aksari shu yigitlar toʻdasi bilan ziyofatdan keyin nomussizlik balchigʻiga belangan boʻlib chiqardi. “Gʻunajin koʻzini suzmasa buqacha arqonni uzmaydi”, degan maqolni qonun tan olmasdi. Hali moʻylabi sabza urmagan koʻpgina yigitchalar badnom boʻlib ketishardi. Toʻlqin oʻgʻillarining bu yoʻlga yurmasliklariga ishonsa ham baribir, ba’zan havotirga tushardi. Birontasi hadeb koʻzini suzaversa, ishva qilaversa har qanday aqlli, odobli yigitni ham iblis bu yoʻlga tortib olishi mumkin.

Salohiddinni uylantirish masalasini Robiya oʻtgan yiliyoq kun tartibiga koʻygan edi. Lekin Toʻlqin “avval oʻqishini bitirsin, ishlasin, hayotning past-balandini koʻrsin”, deb galga solayotgan edi. Alhol, kecha kutilmaganda gʻoyib boʻlishini xayoli ayollarga bogʻlagach, “shu yili uylantirish kerak, hayotning past-balandini keyin koʻraveradi”, degan toʻxtamga keldi.

Oʻgʻli bilan gaplashib olish niyatida uyga ertaroq qaytdi. Salohiddin hadeganda kelavermadi. Toʻlqin bundan tutoqib, kimgadir zahrini sochgisi keldi. Ishxonada boʻlganida birontasiga baqirib boʻlsa ham xumordan chiqishi mumkin edi. Bunda kimga baqiradi, kimdan alamini oladi? Xotinidanmi? Sal ovozini koʻtarsa oʻsha zahoti Robiyaning koʻzlarida yosh miltillaydi-yu, yuragi battar siqiladi. Ukasiga yoki keliniga sochsinmi zahrini? Xudo saqlasin! Ularga sochilgan bir misqol zahar oʻziga botmon-dahsar boʻlib qaytishi aniq-ku?

Toʻlqin kecha xotinidan havotirini yashirgan boʻlsa, bugun gʻazabini ichiga yutishga majbur edi. Televizorda olti odam toʻplanib olib masala soʻqirdi. Toʻlqin ularning tuzsiz gaplariga bir zum quloq tutdi-da, oʻchirib qoʻydi.

-Bugun kayfiyatingiz yoʻqroqmi yo tobingiz qochdimi? - deb soʻradi Robiya unga sinovchan tikilib.

-Televizordagi ahmaqona gaplarni eshitgisi kelmagan odamning tobi qochgan boʻladimi? - dedi Toʻlqin.

-Kechadan beri yuragingiz siqilayotganga oʻxshayapti.

-Yuragim joyida. Faqat oʻgʻlingning aqli joyida emas!

Robiya bu gapdan choʻchib tushdi, eriga najot koʻzlari bilan qaradi:

-Voy, yana nima boʻldi?

-Hech nima boʻlgani yoʻq, boya telefon qiluvdi, vaqtliroq kelgin, maslahatli gapim bor, devdim.

-Qanaqa maslahat?

-Gʻalvani boshlab qoʻyib yana “qanaqa maslahat?”deysan-a? Uylantirish maslahati!

-Voy Xudoyim-e, bir gap boʻptimikin, deb jonim chiqay dedi-ya. Boʻgʻilmang, payshanbada kechki payt ma’rifat darsi boʻladi-ku, darsidan chiqib keladi-da.

Robiya aytganiday boʻldi. Salohiddin otasining “Nega kech qolding?” degan savoliga xuddi shunday javob qildi. Ovqatlanib boʻlishgach, ota-bola ichkariga kirishdi. Robiya ayvonda qoldi. Oʻzi istagan mavzuda suhbat boʻlishiga ishongani uchun uning koʻngli xotirjam edi. Biroq, ichkarida boshqacha suhbat boshlangan edi.

Yuzma-yuz oʻtirganlarning biri - uzoq yillar davomida tergov ishida suyagi qotgan odam, ikkinchisi - bu sohaga endigina qadam qoʻyayotgan yigit, ota-boladay emas, ayblanuvchi va soʻroq qiluvchi kabi oʻtirishardi. Suhbat ohangi ham shunday boshlangan edi. Toʻlqin oʻgʻliga emas, ayblanuvchiga tikilganday koʻzlarini unga qattiq qadagan edi. U hozir favqulotda bir narsani fosh qilishga ishonish kayfiyatida edi.

-Kechaqayerda eding?

-Oʻqishda.

Suhbat shunday qisqa va quruq ohangda boshlandi. Agar ayni choqda biron odam kirib soʻroq bayonnomasini yozib oʻtirganida bu holatni “tergov jarayoni” deb atasak ham boʻlardi. Bu onda iblis Toʻlqinning yelkasiga joylashib oʻtirib olib, uni oʻgʻilga qarshi qayrardi.

-Nega yolgʻon gapiryapsan? Oʻqishga bormading-ku?

Salohiddin otasidan shunday savol kutgan boʻlsa ham, unga tik qaray olmadi, aybdor odam kabi koʻzini olib qochdi. Bu holdan quvongan iblis otaga zardaliroq ohangga oʻtishni buyurdi.

-Qayerlarda sanqib yuruvding?

-Sanqiganim yoʻq, kerakli ishlar bilan yuruvdim.

-Shunaqa ishchan boʻlib ketdingmi? Qanaqa ish, bilishim mumkinmi?

-Amaliyotga doir ish.

-Koʻzimga qarab gapir. Yana aldayapsan. Akademiyangda “otani aldash” darsi ham oʻtiladimi? Bu darsdan imtihonni a’lo bahoga topshirmoqchmisan? Tushingni suvga ayt. Men laqma otalardan emasman. Koʻzimga qara, deyapman!-Salohiddin otasiga ilojsiz ravishda qaradi. - Ana endi menga ochigʻini ayt: senga nima boʻlyapti? Uyda turging kelmayapti, onang toʻydan gapirsa oʻzingni olib qochasan?

Salohiddin yana pastga qaradi. Otasiga darrov javob qilmadi. Iblis “yana bir-ikki qattiqroq soʻk”, deb da’vat qilsa-da, Toʻlqin uning aytganiga yurmay, oʻgʻlidan javob kutdi.

-Toʻgʻrisini aytaveraymi? - deb soʻradi Salohiddin past ovozda.

-Ayt.

-Dada, nima uchun amakimlar bilan chiqisha olmaysizlar?

Ayblanuvchi kabi some oʻtirgan oʻgʻlidan bu savolni kutmagan Toʻlqin dovdirab qoldi. Million hiyla egasi boʻlgan iblis ham suhbatning bu tarzda boshqa tomonga burilishidan ajablandi.

-Bu gapni qayodan olding? - Toʻlqin savolga savol bilan javob berishdan oʻzga chora topmadi. Aslida chora bor edi, chora - haqiqatni aytish edi. Lekin Toʻlqinning yelkasida oʻtirgan iblis bunga yoʻlqoʻymasdi.

Haqiqat qoʻrgʻonini zabt etish maqsadida otgan oʻqining nishonga tekkaniga ishonch hosil qilgan Salohiddin endi dadilroq gapira boshladi.

-Bizni hali ham yosh bola deb oʻylaysizlar. Hech nimani koʻrmaydi, eshitmaydi, sezmaydi, fahmlamaydi, deysizlar toʻgʻrimi? Biz faqat siz istagan narsani koʻrishimiz kerak, siz xohlagan gaplarni eshitishimiz shart, sizga ma’qul narsalarni fahmlashimiz zarur. Buning uchun koʻzlarimizni yumib, quloqlarimizni berkitib, siz yetaklagan yoʻlda koʻr odamday yurishimiz kerakmi? Biz bu shartga koʻnganimiz bilan hayot yoʻl qoʻymaydi-ku? Shu uyda yashab, bu uyda nimalar boʻlayotganini sezmasak, bilmasak, dovdir yoki laqma yoki tentak ekanmiz. Oyimning gaplari toʻgʻri, hovlimizga bombalar koʻmib tashlanganga oʻxshaydi. Portlay-portlay

deb turganini biz ham sezib turibmiz. Lekin sizlar buni tan olgingiz kelmaydi. Uylanishimdan gap ochyapsiz, kelinni bomba koʻmilgan shu hovliga tushirasizmi?

Har ikki tomon bu suhbatga oʻzicha tayyorgarlik koʻrgan edi. Garchi “tergov” Toʻlqin istagan tarzda boshlangan boʻlsa-da, davomi telba daryoni burib yuborgan sel oqimi kabi boʻldi. U oʻzi tayyorlab qoʻygan yoʻldan voz kechib, oʻgʻli taklif etgan yoʻlga oʻtishga majbur edi. Avvalgi shashti pasaygan boʻlsa-da, zardali ohangini saqlab qoldi:

-Senga boshqa hovli olib berishim kerakmi?

-Boshqa hovli kerakmas, faqat amakimlar bilan...

Shu yerga kelganda iblis ortiq chiday olmadi, Toʻlqinning qulogʻiga shivirladi: “Shuncha chekinganing yetar, qanday otasan, oʻgʻlingni gapirtirib qoʻyib lallayib oʻtirasanmi!” Bu tanbeh ta’sir qilib, Toʻlqin oʻgʻlining gapini shart boʻldi:

-Buni eshitdim. Bitta gapni hadeb chaynayverma. Sezgirman, deyapsan, a? Agar sezgir boʻlsang bilishing kerak edi. Sen aytgan bombalarni men koʻmib qoʻyganim yoʻq. Portlasa ham mening aybim bilan portlamaydi. Sezgir boʻlsang, amakingning ham kennayingning ham fe’li qanaqa yomonligini bilishing kerak edi. Agar aqlli boʻlsang, bunaqa fe’lli odamlarni tuzatish mumkinmasligini fahmlashing shart edi. Mening murosadan boshqa choram yoʻq.

-Dada, siz kattasiz...

-Menga aql oʻrgatma.

-Aql oʻrgatmoqchi emasman. Balki... kennayimning molini olib bersangiz oradagi sovuqlik koʻtarilar?

-Sen kalta oʻylayapsan. Molini olib berganim bilan ular oʻzgarishmaydi. Oʻy-xayoli pul bilan band odamlarda aka-ukalik mehri boʻlmaydi. Ular mehr-oqibatni mendan talab qilaverishadi. Oʻzlari tomondan ham oqibat boʻlishi shartligini oʻylashmaydi. Chunki oʻylashi zarur boʻlgan aqllarini boylik havasi chandib tashlagan.

Toʻlqinning bu gapidan keyin oradagi toʻqnashuv holati yoʻqolib, har ikki tomon ham yaxshilikka olib boruvchi yoʻl haqida oʻylay boshladi.

-Dada, nahotki hech chorasi boʻlmasa? - deb soʻradi oʻgʻil boshi berk koʻchada najot koʻrmay.

-Ochigʻini aytsam... - Toʻlqin yuragidagi ogʻir dardni fosh qilib xoʻrsindi-yu, iblis orada jiddiy nizo chiqishidan umidini uzdi. - oʻzimning ham boshim qotib ketdi. Nima qilishga hayronman.

-Sizlar kelisha olmasangiz, unda bizlar ham...

-Nima demoqchisan?

-Bizlar ham bemehr boʻlib yuramizmi? Nahotki bu hayotda uy talashishdan ham muhimroq masala boʻlmasa?

-Kim uchundir shundaydir... Lekin... hammaning qarichi har hil. Alam qiladigan yeri ham shunda.

-Dada, men kecha Sherbuloqda edim. Opoqdadam erta-indin keladilar. Men hamma gapni aytdim.

Toʻlqin oʻgʻliga qaradi-yu, “toʻgʻri qilibsan”, demadi. Tanbeh ham bermadi. Robiya kutayotgan uylanish haqidagi masala yechilmay qoldi.

Toʻlqin bilan Salohiddin gaplashayotgan onda qarshidagi uyda kechki ovqatni suzib, jam boʻlib oʻtirishgan edi. Ba’zi oilalar taom paytida soʻzlashmaslikni odat qilishgan. Bu oilada esa aksi, Obodxon gapirmasa hamma baravariga ishtahadan qoladi. Hozir ham Sattor piyolani toʻldirib shayton siydigidan ichib, ishtahasini ochib olgach, xotinining gapi boshlandi:

-Ertaga ertalab togʻamning oʻgʻlinikiga borib kelasiz.

Bu topshiriq yoqmaganidanmi yo aroqning achchiqligidanmi, har holda Sattorning afti burishib soʻradi:

-Qaysi togʻangning oʻgʻlinikiga?

-Mening bitta togʻam, bitta togʻavachcham bor. Siznikiga oʻxshagan iturugʻ emasman, Xudoga shukur.

-Goʻrkovnikigami? - shunday deb Sattorning yana afti burishdi. - Kimga goʻr qazib berishi kerak ekan?

-Nafasingiz qursin, sovuq boʻlmay, - dedi Obodxon lunjining yarmini boʻshatib olgach. - Hali atay uyiga borib keldim. Ancha toʻn yigʻilib qolibdi. Bozorning yarim narxiga sotayotgan ekan. Bizga yanayam tushirib beradi. Yigirmata toʻn olib kelasiz.

-Shuncha toʻnni nimaqilasan?

-Voy, tavba! Koʻzingizni oching: uchta toʻy qatorlashib turibdi.

-Kallang bormi, oʻlikka yopgan toʻnni qudalaringga kiydirmoqchimisan?

-Oʻlikka yopilgan boʻlsa nima boʻpti! Oxori toʻkilmagan yap-yangi toʻn. Goʻrkovdan olganimizni birov bilib oʻtiribdimi?

-Oyi!-dedi Oftobxon norozi ohangda. - Ovqat paytida shunaqa gaplarni gapirmang, iltimos.

-Sen menga akl oʻrgatmay, ovqatingni ye!-deb jerkidi ona. - Mening boshimda mingta tashvish. Qaysi ish qaysi paytda esimga kelsa oʻsha paytda gapiraman. Toʻn topib qoʻyishni ham men oʻylashim kerak, otang yuraversin lallayib.

Iblis Obodxonning ham ovqat chaynab, ham gap topib berishiga mahliyo boʻlib miriqib oʻtirdi. Keyin “Yana olmaysanmi”, deb Sattorni turtib qoʻydi. Bu turtki Sattorning nafsiga ma’qul kelib yana quyib ichmoqchi edi, Obodxon shishani olib qoʻydi. Sattor xotiniga e’tiroz bildirolmadi, ammo mingʻirlab qoʻyishga oʻzida kuch topdi:

-Qizing toʻgʻri gapiryapti. Ovqat paytida ogʻrimagan boshni ham ogʻritib yuborasan.

-Sizning boshingiz nimaga ogʻrib qoldi?

-Mening boshimmi... Hozir kelayotsam, devning chala tugʻilgan bolasi roʻparamdan chiqib turibdi.

-Kimni aytyapsiz?

Sattor “bilmaysanmi?” deganday xotiniga qarab oldi. Gavdasi rosmana katta odamnikidek, ammo oyoklari oʻsmay qolgan kishini mahallada hamma tanirdi.

-Axlat pulini toʻplaydigan pakanani aytyapman, - dedi Sattor taomga qoʻl uzatib. - Hali keluvdimi?

-Keluvdi, pul bermadim.

-Bersang oʻlarmiding, boshimni tozza qotirdi.

Erining noroziligini javobsiz qoldirmaslik uchun Obodxon ogʻzidagi taomni chaynamayoq yutib yubordi. Bunaqa holatlar tez-tez uchrab turgani uchun boʻgʻiz ham, qizil oʻngachu oshqozon ham qarshilik bildirmadilar.

-Nega biz berarkanmiz? Ana, akangizdan soʻrasin. Nima, milisa axlat puli toʻlamaydi, degan zakun bormi? Oʻtgan oyda suv pulini ham biz toʻlaganmiz. Indamasak, oʻliklarini ham biz koʻmib berishimiz kerak.

-Boʻldi. Javrama.

-Nega javramas ekanman! Yetim boqqanday akangizning oilasini men boqishim kerakmi? Ha, aytmoqchi, suyunchi bering, kennayijoningiz qiz oviga chiqishni boshlabdilar. Boshi kirsa keti sigʻmaydigan uyining qayeriga kelin tushirarkan, hayronman.

-Bu sening ishing emas, bunga oʻzlarining boshlari ogʻriyversin.

-Ogʻriydi, shunaqayam ogʻriydi-ki... Shu taviya bolasiga qiz tanlaganiga oʻlayinmi! Milisaga qaysi ahmoqqizini berarkin?

Onasining gaplariga arang chidab oʻtirgan Oftobxon bu gapdan keyin qoshiqni taraq etib lagan chetigaqoʻydi.

-Voy jinni, laganni sindirasan-a? - dedi Obodxon qizini yana jerkib.

-Oyi, boʻldi-da, endi! Gap deb gapiraverasizmi?

-Sen jim oʻtir.

Oftobxon jim boʻldi-yu, lekin opasiga nish sanchib olish fursati kelganini anglagan Oynisa gapga aralashdi:

-Oyi buningiz kecha yana Saloh akasi bilan birga ketgan.

Obodxon qiziga dakki berishga ulgurmay, Oftobxon “shpion oʻlgur”, deb singlisining sonidan chimchilib oldi. Chaqimchiligi uchun shu onning oʻzida jazo olishini kutmagan Oynisa sakrab tushib:

-Nega chimchilaysan! Oyi, qarang... - deb yigʻlab yubordi.

Ularning qiligʻini kuzatib oʻtirgan Oʻgʻiloy mazza qilib kulganicha masxara qila ketdi:

-Kelin-kuyov, kelin-kuyov! Endi qorongʻida oʻpishadi!

Bu masxaradan uyalgan Oftobxon singlisining kichikligaga qaramay yuziga tarsaki tortib yubordi-da, yigʻlamsiraganicha oʻrnidan turib, yotogʻiga kirib ketdi. Obodxon astoydil yigʻisini boshlab yuborgan Oʻgʻiloyni bagʻriga bosib, Oftobxonning izidan “Huv urmay qoʻlginang sinsin”, deb qargʻab qoldi. Bir piyola shaytonning siydigiga nafsi orom olmay qiynalayotgan Sattor qizlariga qarab baqirdi:

-Joʻna hammang! Tinchgina ovqatlangani ham qoʻymaysanlar.

Oʻgʻiloy onasiga yopishib oldi, Oynisa yigʻlamsirab opasining izidan yotoqqa kirdi. Sattor qolgan zahrini xotiniga socha qoldi:

-Tuzni tekinga olganmisan, shunaqa shoʻr qilasanmi ovqatni!

Aslida iblisning oʻrgatganiga koʻra “Tuzni ham goʻrkov amakivachchangnikidan olib kelganmisan, peshonasi shoʻrlikdan oʻlganlarning tuzlarini yigʻib qoʻygandir hoynahoy”, deyishi kerak edi. Lekin qarshi hujumdan choʻchib, soddagina qilib “Tuzni tekinga olganmisan?” deb qoʻya qoldi. Lekin bu soddagina da’vosi ham javobsiz qolmadi:

-Voy savil, endi ovqatim ham yoqmay qoldimi? - dedi Obodxon, qizchasini tizzasidan tushirib. - Qorningiz toʻygan boʻlsa, akangizning oldiga chiqing, - shunday deb laganni nari surdi. - Gap soʻrasam meni yeb qoʻyay deyapti. Mijgʻovlanmay dangal soʻrang: molimizni olib bersa olib bersin, boʻlmasa orani ochiq qilib oling. Boʻldi, shuncha chidaganimiz yetar.

-Chidolmayotgan boʻlsang men aytgan besh xonalik uyni sotib olib, koʻchib chiqaylik.

Bu gapdan keyin Obodxon oʻrnidan turib, qoʻllarini beliga tiradi-da, erini bosib ketadigan tank misol yaqinlashdi:

-Ho-o, shuncha uyni tep-tekinga tashlab chiqib ketaveradigan ahmoqmanmi? Shu gapni uchinchi marta aytyapsiz. Boshqa eshitmay. Uy hamma joyda kenjaga qoladi. “Akamda uy oladigan pul yoʻq”, deb dovdirab yuravermang. Milisada ishlaydigan odam kambagʻal boʻladi, desa hozir hamma kuladi. Akangizning bosib qoʻygan millionlari bor, siz bilmaysiz. Siz -merovsiz! Agar akangizni chiqarib yuborishga kuchingiz yetmasa, bunday qilamiz: uyni sotamiz. Mayli, pulning yarmi ularga boʻla qolsin. Agar adangizning vasiyatnomasini berkitishmaganida ularga bir tiyinham bermasdim.

Obodxon avjga chiqqan mahalda ichkari xonada qizlarning shovqini koʻtarildi.

-Bor, qizlaringga qara, qiz emas, bir balolarni tuqqansan, - dedi Sattor.

-Voy savil, koʻchadan orttirganmanda, a ularni? -Obodxon shunday deb qizlarning xonasi tomon yurdi. Eshikni ochib “Boʻldi qillaring!” deb baqirgach, yana eriga qaradi:-Boʻlaqoling. Ammamning buzogʻiday oʻtirmasdan akangizning oldiga chiqing.

Sattor xotinining amrini bajarish uchun oʻrnidan turayotgan mahalda Ibrohim shiyponi yonidagi gulxanga oʻt qalab mudrab oʻtirgan edi.

Olov chetiga qoʻyilgan qumgʻondagi suv qaynab joʻmragidan toʻkiladi, ammo olovni oʻchirishga qurbi yetmaydi. Oʻtin picha tutaganday boʻladi-da, soʻng yana alanga olib, qumgʻon atrofini yalashni davom ettiradi. Ahyon-ahyonda olov bagʻridan uchqunlar otilib chiqib, atrofga sachraydi. Ana shunday uchqunlar sachragan mahalda Shavkat bilan Farida yana paydo boʻlishdi. Ular mungli koʻzlarini Ibrohimga tikib jim turaverishdi. Sachragan uchqunlar ularning ustiga tushsa ham jim turaverishdi.

-Ha, aka, kennayimni boshlab yana keldingizmi? Bolalarning noittifoqligi - ota-onaning shoʻri. Oʻlib, goʻrda ham tinch yotolmaysan. Men bunaqasini eng razil dushmanimga ham ravo koʻrmayman. Nevarangiz kelib ketdi. Shu bolaning aqli yetgan narsaga oʻgʻillaringizning fahmi kaltalik qilyapti. Nevarangizning aqli hali pokiza, dunyoning balchiqlari bilan bulgʻanmagan. Keyinroq nima boʻladi -Xudo biladi! Oʻgʻillaringizning bunaqa bemehr, beoqibat boʻlib qolganining sababini men bilmayman. Sizni ham kennayimni ham ayblamayman. Balki notoʻgʻri tarbiya qilgandirsizlar, balki luqmasiga harom aralashgandir? Siz menga bunaqa qaramang. Bilaman, toʻgʻri yashaganman, demoqchisiz. Lekin oʻquvchi shogirdlaringiz “sovgʻa” deb koʻtarib kelgan narsalarni yegansizlar. Agar ular bu sovgʻani xolis emas, majburiyat yuzasidan, ogʻrinib bergan boʻlsalar harom luqma degani shu boʻladi. Siz buni bilmagansiz. Bilsangiz ham hamma yaxshiliklarni dinga bogʻlab, sarqit deb rad etavergansiz. Hatto mehr-oqibatni ham bid’at, degansiz. Hamma faqat oʻz ishi bilan mashgʻul boʻlishi kerak, deb hisoblagansiz. Ha, nega jim turibsiz? Gapirmaysizmi? Qarashlaringiz boshqacha... Mendan xafamisiz? Oʻlayotganingizda “bolalarimdan xabardor boʻlib tur”, devdingiz. Va’dam esimda, unutganim yoʻq. Men oʻgʻillaringiz kap-katta boʻlib qolishgan, qishloqi cholning ziyoratiga muhtoj emsdir, deb oʻylab xato qilibman. Mayli, yara madda olmasidan borib kelaman. Goʻrlaringda tinch yotinglar...

Ibrohim mudroq koʻzlarini ochdi: uchqunlar soʻngan, akasi bilan kennoyisi ham yoʻq. Olov oʻtinlarni yamlab tugatay deyapti. Ibrohim gulxanni kosov bilan kavlab, gʻoʻlacha tashladi.

-Odamlarga nimalar boʻlyapti, oʻzi? - deb oʻyladi u. - Bir qorindan tushgan ogʻa-inilar bir hovliga sigʻmasa? Toʻgʻri, hovli nima ekan, dunyo ham torlik qiladigan yuragi tor bandalar ham bor. Aka-uka shahzodalar taxt talashishib, qancha-qancha begunoh qonlarni toʻkishdi-yu, baribir dunyoga ustun boʻla olmay, lahaddagi bitta guvalaga erishishdan boshqa chora topishmadi. Odamlar nima uchun oʻshalardan ibrat olishmas ekan? Nuh alayhissalomning bittagina chaylalari bor ekan. Chayla ixchamligidan oyoqlarining uchi tashqariga chiqib turarkan. Umrlari adogʻiga yetib, Azroil alayhissalom jon olgani tashrif buyurganlarida Nuh alayhissalom Allohga munojot qilib: “Ey yaratgan Tangrim, menga ming yil umr beruvding, bu ming yilning bunchalik tez oʻtishini bilganimda ovora boʻlib shu chaylani qurib yurmasidim”, degan ekanlar. Endi qanday zamon boʻldi? Vaqtida oʻn-oʻn ikki bola chakka oʻtib turgan bitta uyda katta boʻlishadi-yu, ulgʻayishganidan keyin dangʻillama uylarga, hovlilarga sigʻmay qolishadi. Bu nimadan? Manmanlikdanmi? Noshukurlikdanmi yo toʻqlikka shoʻxlikdanmi? Odamlarning yuraklari bunchalik tor boʻlib ketmasa?..

Ibrohim xayolida uygʻongan savollarga javob topolmay anchagacha oʻtirdi.U “yara madda olmay” jiyanlari huzuriga borib kelishni niyat qilgan edi. Ammo yaraning allaqachon yiringlab ketganidan bexabar edi.

Oʻgʻlining Sherbuloqqa borib kelganini eshitgan Toʻlqinning koʻngli sal yorishdi. Aslida amakisini yoʻqlab, maslahatini olishni anchadan beri niyat qilib yurardi. Ishlarga berilib, bu ziyoratni hadeb orqaga surayotgan edi. Bu ishni oʻgʻli osongina amalga oshirib qoʻya qolibdi. “Vaqt yoʻq” degan bahona koʻp odamning oyoq-qoʻllariga kishan boʻlib tushgan. Lekin kishanning kaliti oʻz qoʻllarida. Qulfni ochib, chiqib ketishlari mumkin, biroq, ularga shu kishan hukmida umr oʻtkazish ma’qulroq. Uzoq vaqt koʻrishmagan qarindoshi yoki doʻstini uchratganda esa bu kishan azoblaridan zorlanadilar. Allaqancha vaqtlarini behuda sarflab yurganlarini esa tan olgilari kelmaydi. Toʻlqin oʻylab qarasa, amakisini koʻrmaganiga bir yildan oshibdi. Oʻtgan yili nevara toʻyi qilganida borgan edi. Shundan keyin amakisi ikki marta kelibdi. Toʻlqin uyda yoʻq edi, togʻdan koʻtarib kelgan mevalarni tashlab, salom deb ketibdi. Uzum-olmalarni tatib koʻrayotganida “erta-indin albatta borib kelaman”, deb ahd qilganicha yuraverdi. Oʻgʻli esa bir kunlik oʻqishidan voz kechib, borib kelibdi. Agar u ertalab “Ada, opokdadamni koʻrib kelsam maylimi?”-deb ruxsat soʻraganida bir kunlik oʻqishni afzal koʻruvchi ota-onasidan rad javob olishi tayin edi. Hech kimdan soʻramasdan borib keldi. Oʻqishga bormagani uchun komandiridan dakki eshitgandir, lekin osmon uzilib yerga tushgani yoʻq. Toʻlqin ham ishlarini yarim kunga nari surib borib kelsa boʻlardi. Bu vaqt ichida olamni oʻgʻriyu kallakesarlar bosib ketmasdi...

Shularni oʻylagan Toʻlqin oʻgʻli oldida izza boʻldi. Ham bu hijolatlik, ham oʻgʻlining haqiqatni tik aytishi uning tinchini oldi. Ayvon derazalari ochiq boʻlsa-da, havo yetishmaganday tuyuldi. Ona-bolani televizor qarshisida yolgʻiz qoldirib, tashqariga chiqdi. Koʻpdan beri foydalanilmay chiriy boshlagan yogʻoch soʻriga oʻtirdi. Buni koʻrgan Robiya chaqqonlik bilan turib, eriga koʻrpacha olib chiqdi-da, toʻshadi.

Toʻlqin sigaret tutatib, oʻyga toldi. Oʻgʻlining Sherbuloqqa borib kelgani uning bolalik xotiralarini qitiqlab uygʻotdi.

Ibrohim amakisi oʻgʻil toʻyi qilganida borishib, aka-uka oʻn-oʻn besh kun qishloqda qolib ketishgan edi. Handalak pishgan mahal edi oʻshanda. Koʻchadagi shum bolalardan biri shaharlik aka-ukaning ham gʻashiga tegish, ham havasini keltirish uchun ularning roʻparalariga kelib ishtaha bilan handalak yeya boshladi. Buni koʻrgan Sattor “olib bering” degan ma’noda akasining pinjiga kirdi. Toʻlqin esa bu bolaga yalinishni istamadi.

-Yur, handalak yegani olib boraman, - dedi.

-Qayoqqa? - dedi Sattor, handalak yeyayotgan boladan koʻz uzmay.

-Anavi togʻning orqasida rosalik koʻp handalak pishibdi. “Sariq mashak” ham oʻsha yerdan olib kelgan. Yeging kelayotgan boʻlsa yurasan.

Qishloq koʻchalarida yalangoyoq yurishga koʻnika boshlagan aka-ukalar shu hollaricha togʻ oshishni moʻljallab yoʻlga tushdilar. Qishloqdan chiqib soʻqmoq yoʻlga oʻtganlarida Sattor “oyogʻimga tikon kirdi”, deb yigʻlab yubordi. Toʻlqin qarasa-ki, oyoq ostida tikonning izi yoʻq. Ukasini yetaklab ketaverdi. Bir oz yurishgach Sattor endi “charchadim”, deb xarxasha boshladi. Toʻlqin ukasining rayiga qarab ortiga qaytgisi ham keldi, lekin handalak yeyish istagi kuchlilik qildi: ukasini opichib yuqorilab yuraverdi. Biroq, tezda charchab, toʻxtadi. Shu payt ularga eshak mingan qariya yaqinlashdi. Toʻlqin unga salom berib, oʻzini chetga oldi-da, soʻqmoq yoʻlni boʻshatdi. Qariya alik olib oʻtib ketavermay toʻxtadi.

-Ha, toychoklar, qayoqqa? - deb soʻradi mehribonlik bilan.

-Anava togʻning orqasiga borishimiz kerak. Ukamning oyogʻiga tikon kirib ketdi. Eshagingizga mingashib olsa maylimi, oʻzi judayam yengil, - dedi Toʻlqin unga umid koʻzlarini tikib.

-Oldin eshagimdan soʻrab koʻraychi, ukang rostdanam yengil boʻlsa yoʻq demas, - dedi qariya hazil ohangida. Keyin eshakning qulogʻidan ushladi:-Nima deding, eshakvoy, bu doʻngpeshonalarni mingashtirsak senga ogʻirlik qilmaydimi? Ogʻirlik qilsa, uyalmay aytaver, men yoningda piyoda ham ketaveraman, - qariya shunday deb kulgach, Toʻlqinga qaradi, - Ana, eshak koʻndi, hammamizni koʻtara olarkan, senam mingashaver.

Qariya Sattorni oldiga oldi. Toʻlqinning mingashib olishiga yordamlashgach, “xix” deb qoʻydi. Eshakning yoʻrgʻalashi uchun shuning oʻzi kifoya qildi.

-Bu yerlikka oʻxshamaysan-ku, toychoq, seni tanimadim? - dedi qariya orqasiga qarab.

-Toshkanli Shavkat akaning oʻgʻliman.

-Ha... domlaning oʻgʻlimisan? Lekin Toshkanli deganing qiziq boʻldi. Adang shu togʻda tugʻilgan, shu yerda oʻsgan. Adangni ham eshagimga mingashtirganman.

-Shu eshakkami? - deb soʻradi Sattor qiziqish bilan.

-Yoʻq, unda bu hali tugʻilmaganidi. Bu eshakning katta otasiga mingashtirib yurardim. Oʻzlaring bu togʻning orqasida nima qilmoqchisanlar?

-Oʻsha yerda handalak rosalik pishibdi-, - dedi Toʻlqin.

-Rostdanmi? Kimdan bila qolding?
— Shodi sariq degan bola aytdi. Uni taniysizmi?

-Shodi sariqmi? U shumtakani tanimaydigan odam bormikin, bu atrofda? Menam sal-pal taniyman.
— Oʻzi mazza qilib yeganmish, aldamaganmikin?
— Shodi sariq aytgan boʻlsa, ishonaver, u aldamaydi. Kecha kelib, polizni ancha payhon qilibdi, egalarining jahli chiqib yuruvdi.
— Egasining jahli yomonmi? - dedi Toʻlqin endi havotir bilan. -Juda yomon. Shodi sariqni ushlab olsa, naq chukini kesib oladi.
— Oʻzi kesilgan-ku? -Unda qolganini ham kesib olaveradi.
— Bizniyam ushlab olsa shunaqa qiladimi?
— Albatta. Agar katta odam oʻgʻirlik qilsa, qoʻli kesiladi. Kichkina bola oʻgʻirlik qilsa chuki kesiladi. Bu yerning qoidasi shunaqa.

Bu gapdan Toʻlqin rosmanasiga qoʻrqib ketdi.
— Amaki, eshagingizni toʻxtatib turing, - deb yalindi.

-Nega, toychoq? - deb ajablandi qariya. U hazil gapining bolaga bunchalik ta’sir etishini oʻylamagandi.
— Handalak yegimiz kelmay qoldi, uyga ketamiz.
— Yoʻq, endi bunaqasi ketmaydi. Handalak yeyman, deb yoʻlga chiqdingmi, endi qaytma. Ammo sen oʻgʻirlik qilmay, egasidan soʻrasang, u senga uchta handalak beradi. Bittasini oʻsha yerda ukang bilan mazza qilib yeysan. Ikkitasini uyingga olib borasan. Amaking Ibrohim moʻylov ham handalakni ja-a-a yaxshi koʻradi-da. Amaking handalagini bir hafta kech ekuvdi, shuning uchunam unikihali pishganicha yoʻq.
— Amakimni taniysizmi? - deb soʻradi qoʻrquvdan bir oz qutulgan Toʻlqin.
— Sal-pal taniyman. Mening polvon oʻgʻlim amakingni kurashda besh marta yiqitgan.
— Yolgʻon gapiryapsiz.
— Yo alhazar! Nega yolgʻon gapirarkanman? - Qariya shunday deb yana orqasiga qarab oldi.

-Amakim sirayam yiqilmaganlar, eng birinchi polvonlar, menga adam shunaqa deganlar.

-Shunaqa degin... Agar adang aytgan boʻlsa, ehtimol toʻgʻridir, men adashgandirman. Yana Xudo biladi.

Shu zaylda suhbatlashib, polizga yetib bordilar. Toʻlqin atrofga alanglab, poliz egasini qidirdi. Buni sezgan qariya kulimisrab qoʻyib:

-Birovni qidiryapsanmi, toychoq? - deb soʻradi.
— Hech kim yoʻq-ku? - dedi ajablanib Toʻlqin.
— Men ham hayronman, rostdanam hech kim yoʻqqa oʻxshaydi, - dedi qariya miyigʻida kulganicha unga savolomuzqarab.

-Unda kimdan ruxsat soʻraymiz? - dedi Toʻlqin boʻshashib.
— Ha, bu yogʻi chatoq boʻldi. Balki handalakning oʻzidan soʻrarmiz? Qani, “xandalakjonlar sizlarni judayam yegimiz kelyapti, olsak maylimi?” deb soʻranglar-chi?

Toʻlqin bu gapga uncha ishonqiramadi. Qariya taklifini yana takrorlagach, Sattor aytdi, keyin uham boʻshashganicha:

-Indashmayapti-ku? - deb qoʻydi.

-Nega indamayapti? E, ha, senlar handalakning tilini tushunmaysanlar-ku, men esam tushunaman. Ular hozir mening qulogʻimga shivirlab: “Toychoqlarga aytib qoʻying, bizlar shunaqa yaxshi bolalar uchun pishib turibmiz. Kim soʻrab olsa, quvonamiz”, deyishdi. Ana, ruhsat tegdi, endi sen manavi handalakni uz, - qariya shunday deb poliz chetidagi handalakni Toʻlqinga koʻrsatdi.

Bundan quvonib ketgan Sattor yonidagi handalakni koʻtarmoqchi boʻldi:

-Bunisiniham, - dedi u.
— Yoʻq, bunisi hali xom. Sen mana buni uz. Ha, barakalla!

-Amaki, handalakning gapini oʻzingiz toʻqidingiz-a? - deb qoldi Toʻlqin, qariyani ajablantirib.

-Nega unaqa deyapsan, toychoq?
— Odamdan boshqa hech kim gapirmaydi.
— Shunaqami? Buniyam adang aytganmilar? -Ha.

-Adang aytgan boʻlsalar toʻgʻridir. Yana Xudo biladi.

-Unda biz handalakni oʻgʻirlayapmizmi?

-Nega oʻgʻirlarkanmiz? Happai halolidan olyapmiz. Toʻgʻrisini aytsam... men egasidan kecha ruxsat soʻrab qoʻygan edim. Mayli, degan edi.

-Bizning kelishimizni qayerdan biluvdingiz?

-Tushimda koʻruvdim, sen bola juda ezma ekansan, ulgʻayganingda qozi boʻlasan shekilli. Qani, yur-chi, tilimlab beray, - qariya Toʻlqinning adoqsiz savollaridan shu zaylda qutilgan edi. Kun botguncha handalakxoʻrlik qilgan bolalar yana qariyaning eshagiga mingashib qaytganlarida amakilaridan quloq choʻzma ham yegan edilar. Ularni yoʻqolib qoldi, deb gumon qilgan Ibrohim bilan Munisa to ular kelgunlariga qadar havotir olovida qovurilib adoyi tamom boʻlayozgan edilar. Buni anglamagan bolalar quloq choʻzma uchun Ibrohimdan astoydil ranjidilar. Sattor amakisiga atab koʻtarib kelgan handalakni bergisi ham kelmadi... Toʻlqin “amakim endi bizni uyimizga haydab yuboradilar”, deb choʻchigan edi. Yoʻq, haydamadi. Aksincha, ularni yana uch marta handalakxoʻrlikka olib bordi...

Toʻlqin shu shirin xotiralar bulutida anchagina suzdi. Xotinidan qat’iy topshiriq olgan Sattor unga deraza orqali bir oz qarab turdi-da, soʻng xovliga chiqib akasining yoniga oʻtirdi. Shirin xotiralardan achchiq haqiqatga oʻtgan Toʻlqin unga sigaret uzatdi. Sattor oldi-yu, ammo tutatmadi. Sattorning izidan umid bilan chiqqan iblis bazm nogʻoralarini shay qilib, ularning ogʻzini poyladi.

-Uyqing kelmayaptimi? - deb soʻradi Toʻlqin.

-Shu... yurakni siqadigan havo boʻlyapti.

-Havodan siqilayotgan boʻlsa oʻtib ketadi. Men... kecha gʻalati tush koʻribman: ikkalamiz yosh bola emishmiz. Qumdan uycha yasab oʻtiribmiz... Esingdami uy qurilayotganda koʻp oʻynardik.

Bu gapdan Sattorning ensasi qotdi.

-Esimda, - deb qoʻydi noxush ohangda.

-Men yasardim, sen erkalik qilib buzib tashlayverarding. Buvimnikidan chiqib, oltinchi qavatda turganimiz ham esingdami? - Sattor javob bermadi. Toʻlqin bunga parvo qilmay gapini davom ettirdi:- Agar baxt haqida oʻylasam, oʻsha uyimizni koʻp eslayman. Bittagina xonada yashardik. Biz uchun hech qanday gʻam-tashvish yoʻq edi. Oʻsha shirin damlardan oʻtadiganini men hali uchratganim yoʻq. Senam shuni hech oʻylaysanmi?

-Oʻyladim nima-yu, oʻylamadim nima? Baxt bir hil boʻlmaydi. Bir qorindan tushganimiz bilan, bir hovlida yashayotganimiz bilan meniki boshqa, sizniki boshqa.

-Yaxshi gapirding. Baxtimiz ham xuddi qozon-tovogʻimizga oʻxshagan boshqa-boshqa. Hayotning hukmi shunaqamikin yo bizning nodonligimiz uchun shunday boʻlib qolganmikin?

-Bilmayman, - dedi Sattor jerkish ohangida.

-Menam bilmayman, - dedi Toʻlqin bosiqlik ohangini oʻzgartirmay. - Lekin har qanday baxtsizlikning avval boshida odamning nodonligi turadi.

-Har kimning nodonligi ham oʻziga yarasha har xil boʻladi.

-Bu gapingham toʻgʻri. Mana sen...

-Meni koʻya turing, aka, undan koʻra ishimiz nima boʻlyapti, shuni gapiring.

Bu keskin gapdan keyin iblis bazmining boshlanishini oshkor qiluvchi dastlabki ohanglarini chala boshladi.

Toʻlqin ukasiga norozi qiyofada qarab oldi. U ukasining bekorga chiqib oʻtirmaganini bilardi. Shu haqda gap ochilishini ham kutgan edi. Lekin bolalik xotiralardan soʻz ochilganda shashti sal pasaygandir deb oʻylagandi. Oʻylagani sarob boʻlganidan gʻashlanib, u ham koʻpolroq ohangga oʻtdi:

-U yerda tanishlarim yoʻq, deb aytuvdim-ku?

-Tanishlaringiz yoʻqmi yo yordamlashishga xohishingiz yoʻqmi?

-Savolingga javob berishim shartmi?

-Shartmas, nima deyishingizni bilaman. Aka, toʻgʻrisini ayting, nega bunaqa bemehrsiz? Biz sizga nima yomonlikqildik?

Aslida bu savolni Toʻlqin ukasiga berishi kerak edi. Bir mavridi kelsa soʻrarman, deb koʻngliga tugib yurardi. Sattor chaqqonlik qilib, mavridi kelishini kutib oʻtirmay, betgachoparlikdan ham qaytmadi. Shu bois Toʻlqin sal dovdirab qoldi:

-Nima, nima deding?

-Ushlash-qamashdan boshqa narsani bilmaysiz. Odamlarga yordam berishni istamaysiz?

-Odamlar deganda sen oʻzingni nazarda tutyapsanmi? - dedi Toʻlqin qoʻrslik bilan.

-Bilaman, sizningcha biz odam emasmiz.

-Sen gapni teskari burma. Men piching bilan soʻraganim yoʻq. Toʻgʻri ma’noda soʻradim. Agar “odamlarga yordam berishni istamaysiz”, deb hozirgi ishingni aytayotgan boʻlsang, toʻgʻri, bu ishingga yordam berishni istamayman. Burinlaringga suv kirsa, toʻgʻri yashashni oʻrganasanlar.

-Odamlar qanday yashashsa, biz ham shunday yashayapmiz, - Sattor shunday deb oʻrnidan turib ketdi. - Tatalagan tatalab topyapti, hovuchlagan hovuchlab topyapti. Men sizning qozoningizga choʻmich solayotganim yoʻq.

-Gaplaring gʻalati-gʻalati, ukajon. Bir soʻz aytishdan oldin hech oʻylaysanmi? Aspiranturada oʻqiyotganingda boshqacha fikrlarding?

-Zamon oʻzgardi. Sizdan boshqa hamma oʻzgardi.

-Shunaqamikin? - Toʻlqin shunday degach, oʻrnidan turib ukasiga tik qaradi:-Balki sendan boshqalar oʻzgarmay qolishgandir. Menda ilmga qobiliyat yoʻq edi. Adam rahmatli sening olim boʻlishingni istagan edilar. Men urinishlarim bekor ketganiga achinaman.

-Oʻqitganingizni minnat qilmang. Ilm bilan tirikchilik qilib boʻlarkanmi hozir.

-Ilm bilan tirikchilik qilib yurganlar-chi? Hamma senga oʻxshab oʻzini tijoratga urgani yoʻq-ku? Jasur oʻrtogʻing “ukangiz ilmga xiyonat qildi”, devdi. Shu gapini oʻylab koʻr. Xudo bergan qobiliyatingga xiyonat qilsang, biring baribir ikki boʻlmaydi.

-Aka, qanday yashashni oʻzimga qoʻyib bering. Siz mening hayotimga aralashmang, men siznikiga aralashmay. Shunda ikkalamizga ham yaxshi boʻladi.

-Men aytdim-qoʻydim. Qoʻlingdan yetaklab yuradigan yoshdan oʻtgansan. Ha, senga bir narsani aytib qoʻyay: qoʻyxonani buzishga unamading, unda adamning xonalarini boʻshatib qoʻy, boʻyab-oqlab qoʻyaman.

Astoydil hujumni davom ettirish qasdidagi Sattorga bu qaror kutilmagan zarba boʻldi:

-Nega?

-Aytuvdim-ku, Bahriddinga ijodxona kerak.

-Yaxshi, oʻsha xona sizga boʻla qolsin. Lekin avval ishimizni toʻgʻirlab berasiz.

-Aka-ukaning oqibati ham savdo-sotiq bilan bitadigan boʻlibdi-da?

-Bu savdo-sotiq emas. Sanjar degan bola tuhmat bilan ushlab turilgan ekan. Agar shuning ishini toʻgʻirlab bersangiz, otasi bizning ishimizni toʻgʻirlarkan.

-Ishlar zoʻr-ku!-dedi Toʻlqin barmoqlari orasidagi sigaret qoldigʻini jahl bilan yerga tashlab. - Senga ham yoʻl topishibdi-da! Hozirgina oʻzing bir-birimizning hayotimizga aralashmaylik, devding. Shartni birinchi boʻlib oʻzing buzyapsan. Oʻsha vallomatingga aytib qoʻy, uka, oʻlgan otasini tiriltirib olishi mumkin, lekin oʻgʻlini qamoqdan qutqarib qololmaydi.

-Shunaqami? Boʻpti! Endi mening yelkamda gunoh yoʻq. Endi ora ochiq!

Sattor shunday dedi-da, uyi tomon yurdi. Zinaga yetganida oʻgirilib qaradi:

-Tinchgina yuzkoʻrmas boʻlib ketaqolaylik. Hovlini sotaylikda ikkalamiz ikki tomonga ketaylik!

Bu gap gurziga aylandi-yu, Toʻlqinning koʻzlaridan olov uchqunlari sachraganday boʻldi.

Bu gap iblisga moydek yoqib, nogʻorasini avj pardaga koʻtardi.

Qiya ochiq derazadan aka-uka mashmasini jon qulogʻi bilan tinglayotgan Obodxon chehrasiga bu gap mamnunlik shabadasini ufurdi.

Toʻlqin bir zumgina qotib turdi-da, soʻng ukasiga yaqinlashib, yoqasidan oldi.

-Nima deyayotganingni bilyapsanmi!-dedi xirqiroq ovozda. - Uyni sotasanmi?! Bilib qoʻy bola: men bu uyni sotguncha koʻchalarda xor boʻlib yashashni afzal bilaman. Bu uyda sening ham mening ham haqqim yoʻq. Buni adam bilan oyim qurishgan. Biz bu uyda vaqtincha yashovchilarmiz. Ertami-indin senam menam tashlab, ota-onamizning yonlariga boramiz. Ana oʻshanda ularga nima deyishingni oʻylabqoʻy.

Toʻlqin shunday deb ukasini bir siltadi-yu, qoʻyib yubordi. Sattor chekinib zinaga oyoq bosdi. Akasi yoqasidan olganida yuragida uygʻongan sarosima bosildi. Yana avvalgi holiga qaytdi:

-Sotmasak, hovlini ikkiga boʻlamiz. Boshqa yoʻl yoʻq.

-Esingni yigʻ, jinnilik qilma! Adam bilan oyim goʻrlarida tik turishadi.

-Bunisiga siz aybdorsiz. Aslida siz uyni boʻshatib chiqib ketishingiz kerak. Adamning xatlarini atay yoʻqotgansiz.

-Adam sening uyingda jon berganlar. Xatni oʻsha xonangda olganman-u, koʻyganman. Ishonmasang qasam ichaymi?

-Endi foydasi yoʻq.

Sattor shunday dedi-yu, “akam yana sapchib qolmasin”, degan havotirda zinadan tezgina koʻtarilib uyiga kirib ketdi. Ayvonda uni Obodxon ochiq chehra bilan qarshiladi.

Iblisning bazmi tun boʻyi davom etdi.

Toʻlqinning oilasi tunni motam azobi bilan oʻtkazdi...

Erining jasorati tufayli quvonch ummonida yayray boshlagan Obodxon bir necha daqiqaga boʻlsa-da, mol achchigʻini unutdi.

Xonadoniga asqotishi lozim boʻlgan bu “quvonch” qizlar xonasiga kira olmadi.

Aka-ukaning, ayniqsa opa-singilning biron nimani talashib arazlashib qolishi har bir oila uchun odatiy hol. Lekin Oynisa bilan Oftobxon orasidagi munosabat har bir oilada ham boʻlavermaydi. Oynisaning opasi xususidagi chaqimchiligi shunchaki gap emas. U chindan ham Oftobxon va Salohiddin orasidagi munosabatni sinchiklab kuzatadi. Maktabdagi mish-mishlarni ham jon qulogʻi bilan tinglaydi. Bitta gap eshitsa, yoniga oʻzi yana ikkitasini qoʻshib onasiga yetkazib turadi. Onasining Oftobxon bilan Salohiddin orasidagi yaqinlikka bildirgan salbiy munosabati unga yoqadi. “Qiz oʻlgur”ni maktabni bitirishi bilanoq begonaga uzatib yuborish qarori esa Oynisaning ayni muddaosi. Sabab: Salohiddin Oynisaga yoqadi. Oftobxon amakivachchasini aka oʻrnida koʻrsa, uni singil muhabbati bilan yaxshi koʻrsa, Oynisaning sevgisi boʻlakcha edi. Boʻyi yetgan qizlar olamiga endigina qadam qoʻygan, sevgi-muhabbat haqida mubham tushunchaga ega boʻlgan Oynisa amakivachchasini opasidan qizgʻana boshlagan edi. Uyda yolgʻiz kezlari Salohiddinning chehrasini koʻz oldiga keltirib muhabbat koʻshiqlarini bir-bir kuylardi. Ba’zan shu qoʻshiqlar orqali sevgisini yigitga izhor etishni ham xohlardi. Ammo uyat degan fazilat uni bu harakatdan toʻxtatib turardi. Salohiddin uyiga kelgan kunlari Oynisa uchun goʻyo bayram edi. Uning hovliga koʻproq chiqib turishini istardi. Ba’zan deraza pardasi ortidan kuzatardi. Yuragi oʻynardi. Shirin orzular qanotida uchardi. Nodon qiz buni chin muhabbat deb hisoblardi. Iblis yuragiga havas solayotganini u bechora qaydan bilsin? Oynisa va unga oʻxshash qizlar ana shu toʻrga oʻralib qolib azoblar chekadilar. Ayrimlari bu holatni havas ekanini anglaydilar, ba’zilari esa “mening aqlu hushimni muhabbat otashi olyapti”, deb gangib yuraveradilar. Aqllari muhabbatga emas, iblisga bandi boʻlib qolganini tushunib yetgunlaricha hayotning achchiq mevalarini terib yuraveradilar. Yaxshiki hayo degan his-tuygʻu bor, ularni koʻp balolardan saqlab qoladi. Bunday fazilatdan mahrum qizlar esa umrlarini barbod qiladilar. “Bilmayin bosdim tikonni, tortadurman jabrini, bilsam erdim, tortmas erdim, ul tikonni jabrini” deyilmish maqol shu kabi qizlar hayotiga taaluqli. Chunki sevgi deb atalmish yolgʻon olamga yalangoyoq kirgan Oynisa yoshidagi qizlar oyogʻiga dastlabki tikonlar aynan shu davrda sanchiladi.

Oynisaga hali bu azoblar begona. Uning uchun eng muhim muammo - yoʻliga toʻgʻanoq boʻlayotgan opasini olib tashlash. Opasining toʻyi kuni, kuyov navkarlar karnay-surnay, nogʻoralar bilan kirib kelishganda, opasining koʻzlari yoshlanganida uning qalbi baxtiyorlik bilan tepa boshlaydi. Bu kunni orziqib kutayotgan Oynisaning yoʻlida yanada murakkabroq muammo paydo boʻldi. Onasining “kennayijoningiz qiz oviga chiqishni boshlabdilar”, degan gapi u bechoraning qoʻl-oyoqlarini bogʻlab, tubsiz jar sari uloqtirib yuborganday boʻldi. Opasini olib ketgani kelgan kuyov unga baxtiyorlik jomini tutqazsa, kuyov sarposidagi shodon

Salohiddinning kelinni olib kelish uchun duo olib chiqib ketish manzarasi unga oʻlim zahri bilan limmo-lim toʻla jomni tutqazardi. Bu har ikki manzara amalga oshgunicha hali ancha fursat bor. Ammo hozirdan ikki muqobil toʻlqin kabi olishadi.

Opasini yoʻldan olish qiyin emasday tuyulgandi. Endi bunisi-chi? Kimga arz qiladi? Kimga yuragidagi sirni ochadi? Kimga dod deydi? Unga faqatgina onasi yoki opasi sirdosh boʻlishi mumkin. Qalbini tatalayotgan ishq mojarosidan onasini ogoh qila olmaydi. Oynisa yevropalik qiz boʻlganida yigit bilan ishini pishirib olib “oyi, tanishing, bu yigit bilan turmush qurmoqchiman”, deyishdan qaytmasdi. Shukrki, Yevropa qizi emas. Agar Saloh akasini opasidan qizgʻanmaganida sirini unga aytib maslahat soʻrashi mumkin boʻlardi. Bu jihatdan ham sirdoshlik darvozasi taqa-taq yopiq.

Hamma qizlar muhabbat saroyiga kirishni dildan istasalar-da, intilsalar-da, ostona hatlashda havotir buluti ichida qoladilar. Sirlarining oshkor boʻlishidan qoʻrqadilar. Oynisa ham shulardan biri. Salohiddinga boʻlgan munosabatining oshkor boʻlishidan choʻchigan qiz bu borada qoʻzgʻalishi mumkin boʻlgan dahshatli quyun yoʻnalishini opasiga burib, oʻzi omon qolishni oʻylardi.

“...Kennayijoningiz qiz oviga chiqishni boshlabdilar...”

Bu xunuk xabar opasining chimchilashidan ming karra azobliroq edi unga. Xabarni eshitiboq yigʻlab yuborgisi keldi. Oftobxonning chimchilashi qalbida toʻplanayotgan faryod vulqoniga yoʻl ochib bera qoldi. Keyin uyga kirgach, opasidan yana chimchilashmi yoki shapaloqmi kutib, turtdi. Muddaosiga yetdi: yuziga shapaloq tushib, yanada avjga chiqdi.

Bu hunarlarni sabr bilan oʻrgatgan iblis minnatdor ustozning jilmayishi bilan unga qarab Qoʻydi.

Singlisidan farqli oʻlaroq, Oftobxon ham yigʻlagisi, dardlarini yurakdan chiqarib tashlagisi kelardi, biroq oʻzini tutishga majbur edi. Agar yigʻlasa, yigʻisining sabibini onasiga yoki otasiga tushuntirib berishi kerak boʻladi. Ularga qizning dardi begona, aytgani bilan fahm etishmaydi. Chunki ularning olami oʻzga, dardi boshqa. Dardsizning oldida boshimni ogʻritma, deganlaridek, qiz ularga yuragini ocholmaydi. Yigʻlasa-yu, sababini aytmasa, shubhasizki, Salohiddin bilan oralaridagi munosabatdan gap ochiladi. Dardini Salohiddin tushunadiganday edi. Kecha u ham gapni hazilga burib, onasini mashara qildi. “Hazillashdim, kechir”, dedi, ammo bu uzrxohligi bilan dilpora qizning yaralangan qalbiga malham qoʻya olmadi. Onasining notoʻgʻri ishlarini Oftobxonning oʻzi ham biladi. Lekin unga qarshi gapirolmaydi. Onasining qusurlarini birovning ogʻzidan eshitish esa unga ogʻir, juda ogʻir. Ikki oila orasidagi munosabatning kundan kunga yomonlashib borayotgani, oxir-oqibat esa rishtalar uzilib ketishi unga oddiy voqea boʻlib tuyulmasdi. Aka-ukalar yuz koʻrmas boʻlib ketgan kuni uning nazarida qiyomat boshlanishi shart edi. Qiyomat boshlanib, hammani yer yuta qolsa-ku, yaxshi boʻlardi-ya, qalb azoblaridan qutulardi-ya! Boshlanmasa-chi, yer yutmasa-chi? Ana unda onasi va otasi tomonidan joriy etilgan yangi tartib boʻyicha yashay boshlaydi: bobosi kabi suyumli boʻlib qolgan amakisini koʻrganda yuzini teskari buradi, salom bermaydi. Salomiga mehribonlik bilan alik olib, “iloyim baxtli boʻlgin, qizim”, deb duo qilib qoʻyuvchi kennoyisiga qaramaydi. Aka va ukalari hisoblangan Salohiddin, Bahriddin, Nuriddindan yuzini teskari buradi. Salohiddin bilan Bahriddin-ku, vaziyatni tushunishar, “opajon” deb quchoqlab oladigan Nuriddin nima deb oʻylaydi?

Ota-onalari-ku, uy talashishyapti. Ular-chi?

Farzandharqanday vaziyatda ota-onaga tobe, deyishadi. Nahot bu qabih vaziyatda ham

ularga quloq solish shart boʻlsa? “Amakingga salom berma, bolalari bilan gaplashma”, degan buyruqni bajarish ham farzandlik burchiga kiradimi? Shu insofdanmi?

Oftobxonni shu savollar qiynaydi. Onasining uzatib yuborish haqidagi gaplarini eshitganda ba’zan koʻngli taskin topganday ham boʻladi. Shu uydan tezroq chiqib ketsa, bu mashmashalardan tezroq nari ketsa olam gulistonga aylanadiganday tuyuladi. Biroq, toʻla hotirjam boʻla olmaydi. Borgan yeriga “kelinning otasi bilan amakisi yuzkoʻrmas boʻlib ketgan ekan”, degan gap yetmaydimi?

Bu hol kimgadir arzimasday tuyular, ammo Oftobxon uchun bu isnod. Bu isnod uni yertuban qilishi kerak edi. Agar qiz bola nomusini yoʻqotsa uni la’natlaydilar. Lekin aka-uka yoki opa-singil yuzkoʻrmas boʻlib ketsa birov indamaydi. Axir bu ham nomussizlikka, vijdonsizlikka kirmaydimi? Mana shu savollar girdobidagi qiz oila nomussizligidan qutilish yoʻllarini izlardi, izlardi-yu, topa olmasdi. Ba’zan onasi bilan yolgʻiz oʻtirganda “Oyi, amakimlar koʻchib ketishsa, bizlarni ham turmushga uzatsangiz adamlar bilan shoʻppayib oʻtirasizmi?” degisi kelardi. Bu savoliga onasining “Kuyovlardan bittasini ichkuyov qilaman”, deb javob qaytarishini ham biladi. Ammo “sizning bu fe’lingizga qaysi ichkuyov chidarkin?” deya olmaydi.

Oftobxon xayolida chora izlab-izlab “bu dunyoning nimasi yaxshi? Undan keta qolgan afzal emasi?” degan toʻxtamga ham keladi. Shunda qoʻrqib, yuragi orqasiga tortib ketadi.

Bu kech Oynisa bilan yovlashib, onasidan qargʻish olgach, joyiga yotib oldi. Unsiz yigʻladi. Oynisa tinchigach, hovlida amakisi bilan otasining gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir ovozlarini eshitib, sergaklandi. Qancha diqqat qilmasin, gaplarini yaxshi eshita olmadi. Faqat zina yaqinida ovozlar balandlagach, eshitdi. Hammasini eshitdi. Eshitdi-yu, badani muzlab ketdi. “Bu dunyoda yashashning hech bir qizigʻi yoʻq...” Ahyon-ahyonda uygʻonayotgan bu fikr xayolini yana yoritdi. Bu safar nima uchundir qoʻrqmadi...

Tunni ruh azobi bilan oʻtkazgan Oftobxon “boshim ogʻriyapti” degan bahona bilan maktabga bormadi. Qizlarining turli bahonalar bilan maktabdan qolishiga Obodxon monelik qilmasdi. “Ha, maktabing oʻla qolsin, tuzukroq oʻqitmaydiyam, damingni ol”, deb qoʻya qoladi. Bugun “oʻqishlaringning oxiri koʻrinib qoldi, endi bormasang ham boʻlaveradi”, deb qiziga uzoq muddatli ta’til berdi. Oftobxon bir piyola choyni chala yarim ichib, xonasiga kirib yotganicha tashqariga chiqmadi.

Oynisa ham yaxshi uxlolmagan edi. U ham maktabga bormaslikni niyat qilib edi. Biroq, opasining niyatini bilib, fikridan qaytdi. Singlisini ergashtirib maktabiga joʻnadi.

Erining koʻchaga otlanayotganini koʻrgan Obodxon goʻrkov amakivachchasinikiga borib toʻnlarni olib kelishni yana tayinladi.

-Bugun vaqtim yoʻq, - dedi Sattor, - hozir qurilish bozoriga boraman. Arzonroq gʻisht uchrasa olib kelaman. Amakivachchangga telpon qil, toʻnlarni saqlab tursin.

Erining shu bugunoq devor olish harakatiga tushishini kutmagan Obodxon quvonib ketdi:

-Voy aklginangizdan aylanay, - shunday deb Sattorni yelkasidan quchdi. - Toʻn achib qoladigan narsa emas, tura turadi. Bu ishni tezlating.

Koʻchani supurayotgan Robiya qaynisini koʻrib, salomlashish uchun qaddini rostladi. Biroq, Sattor qaynilik burchini bajarmadi - salom bermadi. Indamay oʻtib ketdi. Robiya avval ajablandi, keyin xoʻrligi keldi. Oʻzi aytgan birinchi bomba oʻz oyogʻi ostida portlab, ruhini majruh qildi. Koʻzlari yoshlandi. Supurgini chetga otib, uyga kirib xoʻngrab-xoʻngrab yigʻlagisi keldi. Robiya bu xonadonga kelin boʻlib qadam bosib kelganida ularning munosabati kennoyi-qayni emas, opa-uka martabasida edi. Sattorning oʻzi bir necha marta “Mening opam yoʻq edi, siz menga opasiz, uylansam keliningizga ovsin emas, unga ham opa boʻlasiz”, der edi. Robiya bu gapdan quvonardi. Singil-kelin kelishini orziqib kutardi. Qaynisining kiyim-boshlariga gard yuqtirmasdi. Biron sabab bilan akasi tergasa hamisha Sattorning yonini olib turardi. Qaynisi kech qolguday boʻlsa uxlamay kutardi. Avval qaynonasi bilan birga oʻtirib kutardi. Farida qaytish qilgach, yolgʻiz kutadigan boʻldi. Chunki endi u faqat opa emas, mehribon ona mas’uliyatini ham zimmasiga olgan edi.

Robiyani opa, oʻzini uka degan inson salom bermay oʻtib ketdi...

Kechqurungi aka-uka mashmashasining soʻngida aytilgan ahd Robiya yuragini qalqitib yubordi. Jahldan boʻzarib uyga kirgan eriga indamadi. Ovutish uchun aytilgan har bir soʻz gʻazab otashiga moy kabi quyilishi mumkinligini bildi. Robiya tuni bilan oʻz yogʻiga oʻzi qovrilsa-da, “Sattorjon bu gapni jahl ustida aytib yubordilar, bunchalikka bormaslar”, deb umid qilgan edi. Qaynisining salom bermay oʻtishi umidini puchga chiqardi, ahdning qat’iy ekanidan dalolat berdi.

Kechqurungi gapni onasi bilan birga ayvonda oʻtirgan Salohiddin ham eshitgan, otasining qaytayotganini koʻrib oʻz xonasiga kirib ketgan edi. Ertalab nonushta tayyor boʻlishiga qaramay, bir piyola choy ham ichmadi. Saf tekshiruviga kech qolishi mumkinligini bahona qilib shoshilib chiqib ketdi. Robiya oʻgʻlining bahona qilayotganini sezdi. Salohiddinning koʻnglidan nimalar kechayotganini his qilgani uchun ham “bugun kelasanmi?” deb soʻramadi. Toʻlqin bugun ishga kechroq bormoqchi edi, shu sababli shoshilmadi.

Robiya koʻz yoshlari bilan kirsa, erining koʻnglini yanada vayron qilib yuborishi mumkinligini bilib, supurishda davom etdi. Oʻgʻli oʻqishga ketdi, oʻrtoklari bilan koʻrishib koʻngil chigillari bir oz boʻlsa-da, yechiladi. Eri ish bilan ovunadi. Bu gʻurbatxonada bir oʻzi qoladi...

Gʻurbatxona?!

Qaynonasi, qaynotasi oʻtgan uyni gʻurbatxona deyish? Xayoliga kelgan bu fikrdan oʻzi ham gʻashlandi. Bunday bema’ni xayollarni quvmoqchi boʻlganday tezroq supura boshladi. Oʻzi yashaydigan uy qarshisini supurib boʻlib qaddini rostladi-da, ovsini tomonini supurish yoki supurmaslikni oʻylab qoldi. Qizlari ishga yaraydigan yoshga yetganidan beri Obodxon qoʻliga supurgi ushlamaydi. Ba’zan qizlar “hadeb men supuraveramanmi” deb arazlashib qolishsa, xonadonning bosh kelini Robiya vazifasini beminnatgina ado etib qoʻyardi. Koʻchaga supurgi bilan chiqqan kezlari hech qachon ajratmagan. Hozir ham ajratish niyati yoʻq, faqat bu tomonni supurayotganimda ovsinim chiqib bir zaharli gap aytvormasmikin, degan havotirda edi.

Toʻlqin chiqib, xotiniga qarab “nega sen supurasan, oʻzlari supurmaydimi?” degisi keldi-yu, oʻzini tutdi. Sovuqqina qilib “ketyapman”, dedi. Robiya siniq ovozda “yaxshi borib keling”, dedi...

Toʻlqin ketishi bilan “hormang kennoyi, ovsiningiz uydamilar?” degan ovozni eshitib, orqasiga qaradi. Obodxonning mijozini koʻrib, istamaygina soʻrashdi. Robiya bu xotinni yaxshi tanimaydi, ismini ham bilmaydi. Ovsiniga mijoz ekanini biladi xalos. Lekin ostona hatlashi bilan atrofga olazarak qarayvergani uchun yoqtirmaydi. Hozir hushlamaygina soʻrashganining boisi ham shunda.

-Uydalar shekilli, kiravering, - deb ishini davom ettirdi.

Mijozga uning bu qiligʻi malol kelib, labini burib qoʻydi. Ostona hatlab ikki marta “Obodxon opa!” deb chaqirdi-da, javob boʻlishini kutmay ayvon sari yurdi. Obodxon soxta jilmayish bilan uni kutib oldi. Mijoz oʻtirib, duo qilgach, hol-ahvol soʻragan edi, yigʻlamsiraganicha boshiga tushgan kulfatni bayon qilib berdi. Mijoz azaga kelgan xotin ta’ziya bildirganiday unga tasalli berdi-da:

-Attang, hozir shu narsalarning bozori chaqqonidi-ya!-deb afsuslandi. Keyin:-Mullakangiz milisa-ku, eplay olmadimi? - deb soʻrab, Obodxonning yarasiga tuz sepdi.

-Voy, nima deyapsiz! Bularga ishi tushgan odamning ikki dunyoda kosasi oqarmaydi-ya!-dedi Obodxon labini burib. - Turgan-bitgani - ammamning buzogʻi. Shuning uchun ham koʻkarmaydi-da.. Tugʻilganidan beri mayormi, serjantmi, bir balo.

-Voy, shunaqami, ovsiningizning dimoklari ja-a baland-ku? - Mijoz shunday deb “hech kim yoʻqmikin?” degan havotirda darvozaxonaga qarab oldi. Koʻngli tichigach, davom etdi:-Men erining qoʻli ancha uzunmikin, depman.

-Dimoqqinalariga qurt tushsin. Oʻzlarining nazarlarida erlarining qoʻllari naq quyoshgacha yetadi. Shular bilan murosa qilib yashayotganimga menga ming marta rahmat deyish kerak.

-Obodxon opa!

Tanish ovozni eshitib darvozaxonaga qaradi. Ostona hatlab oʻtib, ayvon tomon qarab turgan Maxsumani koʻrdi-yu, aftini burishtirdi

-Obbo... endi ogʻrimagan boshimga shu yetishmay turuvdi, - dedi

-Nima dedingiz? - dedi mijoz uning bu gapiga tushunmay.

-Nozik mehmon kelib qoldi, singiljonim. Molni olishim bilan sizga telpon qilaman. Bozordan kech qolmang, ertalabki bozorning tushumi yaxshi boʻladi, - shunday deb Obodxon oʻrnidan turdi.

-Molni boshqalardan olmay turaymi?

-Ozgina sabrqiling.

-Sabr deysiz-u, bu yoqda tirikchilik nima boʻladi?

-Xudo bersa, tirikchilikka balo ham urmaydi. Xudo deb turing.

Mijoz e’tiroz bildirmoqchi boʻlganida Maxsuma yana chaqirdi.

-Hozir, - dedi Obodxon gʻashlanib, - voy-voyey, odamlar buncha besabr-a!

Darvozaxonada mijozni kuzatib, Maxsumani huddi qadrdoniday kutib oldi. Ichkari boshlay turib hovlidagi xoʻrozga koʻzi tushdi-da, mehmonni ham unutganday:

-Kisht-e, shunchayam surbet boʻlasanmi, a!-deb haydagach, narigi ayvon tomon qarab ovozini balandlatdi:-Hoy Nuriddin! Xoʻroz oʻlguringni qama, hamma yoqni titib tashladi, - keyin mehmonga qaradi:-Maxsumaxon singiljonim, tortinmay kiravering. Shu katalakka boshi sigʻsa keti sigʻmaydi-yu, xoʻroz boqishlariga oʻlaymi.

Ichkari kirishgach, Obodxon dasturxon solmoqchi boʻldi. Maxsuma unamadi.

-Opa, hadeb telponda bezor qilavermay, yoʻl-yoʻlakay kirib, xabar olay dedim. Ishlarimiz nima boʻlyapti?

-Nima boʻlardi, harakat qilyapmiz, - dedi Obodxon, bu savoldan ensasi qotganini yashirmay.

-Tezroq boʻlgani yaxshiydi. “Mullakam milisa, bir soatda toʻgʻirlab tashlaydi”, devdingiz.

-Voy, Maxsumaxon, bu dunyoning odamiga yarashmaydigan gapni aytasiz-a? Bir soatda yo bir kunda bitadigan ishmi shu?

-Buni men toʻqiganim yoʻq, oʻzingizning ogʻzingizdan chiqqan gapni aytyapman.

-Ozgina kuting, besabr boʻlmang, singiljon.

-Men-ku, qancha boʻlsayam sabr qilaveraman-a, lekin ketishimda ancha qarz olgandim, qistab kelishyapti.

-Qistab kelishsa tushuntiringda.

-Tushuntiryapman... - Maxsuma shunday deb afsus bilan xoʻrsindi, - ammo tepasida prasenti bor, kun oʻtgan sayin tugʻyapti.

-Endi bunisiga men aybdor emasman. Men sizga “qarz oling, tepasiga prasan qoʻydiring”, demaganman. Oʻzingiz pishirgan osh...

-Oʻshanda gapingizga kirmaganimda shu gʻalvalar yoʻq edi.

-Menga osonmi? - dedi jerkib Obodxon. - Otamning oʻlishini bilganimda bir qop kepakka sotib yuborardim, deyishgan. Men bilibmanmi oʻlgurlarning hiylasini. Endi gap bunday: ish shu bir-ikki kun ichida pishadi. Bojxonadan oʻzim bitta odam topdim. Lekin ozgina chiqimi boʻladi. Chiqim oʻrtada, yana “bilmabman”deb yurmang.

Bu gapni eshitib, Maxsuma norozi qiyofada bosh chayqadi:

-Yoʻq. opajon, chiqimini men bilmayman. Hamma gʻalvani oʻzingiz boshladingizmi, har qanaqa chiqimini ham oʻzingiz toʻlaysiz, - dedi qat’iy ohangda.

-Voy savil, men boʻyningizdan sudrab majbur qilibmanmi? Yosh bola emassiz-ku, burningizni oqizib, orqamdan ergashadigan. Aqlingiz endi kirib qoldimi?

-Ha, aqlim kirib qoldi. Mayli, yana ikki kun kutaman. Uchinchi kuni molimning haqini toʻlaysiz.

Juvondan bunday qat’iylikni kutmagan Obodxon uni birinchi marta koʻrayotganday tikilib qarab qoldi. Iblis “shu gapi uchun sochlarini bittalab yulib tashlamaysanmi!” deb vasvasa qildi. Iblisning amriga jon deb itoat etgisi kelsa-da, oʻzini tutdi.

-Nima dedingiz, singiljon! Voy, koʻnglimning koʻchasi! Siz menga shart qoʻymang, opovsi!

-Boshqa ilojim yoʻq, uch kundan keyin kelaman, pullarimni tayyorlab qoʻying.

-Shunaqami, keling, keling, poyandoz solib kutib olaman. Bilib qoʻying: agar siz shunaqa yomonlikka yursangiz, mendan yaxshilik kutmang. Mendan bir tiyin ham ololmaysiz. Men sizga pulni emas, eringizga moydek yoqadigan ikki ogʻiz shirin xabarni tayyorlab qoʻyaman.

-Qanaqa xabar yana?

-U yoklarda kimlarning qoʻyniga kirib chiqqaningizni aytaman. Pul kerakmi, oila kerakmi, oʻzingiz tanlab oling.

-Shunchalik pastmisiz? Yolgʻon gapirgani Xudodan qoʻrqmaysizmi?

-Xudoni ishimizga aralashtirmang-u, shashtingizdan tushing. Opa-singilligimizcha qolaylik. Hali chetga billa-billa koʻp chiqamiz, rosa boyib ketasiz.

-Siz bilan billa bir yoqqa borishdan Xudo asrasin. Agar siz doʻzaxga tushadigan boʻlsangiz, doʻzaxdagilar ham sizdan xazar qilishsa kerak kerak.

-A?! Tilingiz chiqib qolibdimi, opovsi?

-Nima, meni merov deb oʻylovdingizmi? Sizda bor til menda ham bor. Sizni odam deb izzatingizni qilib yuruvdim. Men hozir...

Maxsuma Obodxonning bobillab berishini kutmay chaqqon oʻrnidan turdi. Uning harakatiga tushunmagan Obodxon:

-Ha, qayoqqa, bir piyola choy ichib keting, singiljon, - deb piching qildi.

-Choyingiz oʻzingizga siylov, - dedi Maxsuma jahl olovini pasaytirmay, - men erimni chaqiray, igʻvo gapingiz ichingizda irib ketmasin, hoziroq ayta qoling.

Ishning bu tomonga ogʻib ketishini kutmagan Obodxon shoshib qolib, “voy, toʻxtang, singiljon, uydagi gap koʻchaga chiqmasin”, deganicha uning yoʻlini toʻsmoqchi boʻldi. Maxsuma uning hay-haylashiga parvo qilmay koʻchaga chiqdi-da, erini boshlab qaytdi. Ularning orqasidan kirgan Robiya noxush voqeadan chetda turish uchun tezgina uyiga kirib ketdi.

-Opaginam, mana erim, ayting, aytadiganingizni, - dedi Maxsuma.

Erning vajohati, ayniqsa uning chap iyagidagi chandiq Obodxonni sal choʻchitdi. Chandiqni bezorilik alomati, deb oʻyladi. Oʻtgan yili bu yigitning avtohalokatga uchraganini bilganida bunchalikqoʻrqmasdi.

-Voy, opovsi, shunga shunchami, hazilni chinga aylantirmang, girgitton, - deb bir oz past tushishni ma’qul koʻrdi.

Maxsuma javob bermadi, uning oʻrniga eri gap boshladi:

-Nima dedi bu opachang? Ayt!

Maxsuma Obodxonning gaplarini takrorlagisi kelmadi.

-Qoʻying, turgan bitgani tuhmat, - dedi pastroq ovozda.

-Oʻ, menga qara, alvasti!-dedi er Obodxon sari bir qadam bosib. -Avval oʻzingni epla. Sendaqalarning igʻvosini men yaxshi bilaman. Bilib qoʻy, mol ertaga shu yerda boʻlsin. Yo prasani bilan toʻlaysan. Men bilan hazillashmalaring.

Obodxon bir qadam orqaga chekinmoqchi ham edi, lekin choʻchiganini fosh qilishni istamadi. Uning joyidan jilmay tik qarab turishini koʻrgan yigitning shashti pasaydi, yana bir qadam qoʻyishga jur’at qilmadi. Obodxon buni sezdi, shu bois ovozini bir parda koʻtardi:

-Hoy, oʻgʻil bola, indamasa ja-a sapchimang, oʻzingizni tutib oling.

-Sapchiganda nima kelardi qoʻlingdan. Sen milisa qarindoshingga ishonma. Milisa-pilisang bilan iningga kirgʻizvoraman. Ering qani oʻzi? Chiqsin, erkak bilan erkakcha gaplashib ketay!

-Erkakcha gaplashasanmi? Voy savil, hali sen erkak boʻldingmi? Erkak odam xotinini bozorga solmaydi.

-Nima deding,qaniqaytar-chi?

Erning haligi gaplari yolgʻon poʻpisa deb hisoblansa, bunisi astoydil gʻazab edi. U vajohat bilan Obodxonga tashlanmoqchi boʻldi. Erining fe’lini bilgan Maxsuma uni yengidan ushlab, tortdi. Obodxon avvaliga orqasiga tisarildi, keyin dod solib uyiga qochib kirdi. Ahvol jiddiyligini koʻrgan Robiya uyidan shoshib chiqib, erning yoʻlini toʻsdi. “Ukajon, oʻzingizni bosing”, deb ovutishga harakat qildi. Er bisotidagi barcha haqoratlarni aytib boʻlgach, sal hovuri bosildi shekilli, xotinining soʻziga kirib iziga qaytdi. Robiya ularni koʻchaga qadar kuzatdi. Darvozaxonaga qaytganida ayvonning derazasini lang ochib olgan Obodxon ularning izidan qargʻashni boshlab yuborgan edi:

-E, goʻlaymaygina koʻzlaring teshilsin! E, mollaring bilan qoʻshmozor boʻllaring! Qarzlaringdan qutulolmay lahadda chirilaring!

Maxsuma javob bermadi, uning oʻrniga eri gap boshladi:

-Nima dedi bu opachang? Ayt!

Maxsuma Obodxonning gaplarini takrorlagisi kelmadi.

-Qoʻying, turgan bitgani tuhmat, - dedi pastroq ovozda.

-Oʻ, menga qara, alvasti!-dedi er Obodxon sari bir qadam bosib. -Avval oʻzingni epla. Sendaqalarning igʻvosini men yaxshi bilaman. Bilib qoʻy, mol ertaga shu yerda boʻlsin. Yo prasani bilan toʻlaysan. Men bilan hazillashmalaring.

Obodxon bir qadam orqaga chekinmoqchi ham edi, lekin choʻchiganini fosh qilishni istamadi. Uning joyidan jilmay tik qarab turishini koʻrgan yigitning shashti pasaydi, yana bir qadam qoʻyishga jur’at qilmadi. Obodxon buni sezdi, shu bois ovozini bir parda koʻtardi:

-Hoy, oʻgʻil bola, indamasa ja-a sapchimang, oʻzingizni tutib oling.

-Sapchiganda nima kelardi qoʻlingdan. Sen milisa qarindoshingga ishonma. Milisa-pilisang bilan iningga kirgʻizvoraman. Ering qani oʻzi? Chiqsin, erkak bilan erkakcha gaplashib ketay!

-Erkakcha gaplashasanmi? Voy savil, hali sen erkak boʻldingmi? Erkak odam xotinini bozorga solmaydi.

-Nima deding,qaniqaytar-chi?

Erning haligi gaplari yolgʻon poʻpisa deb hisoblansa, bunisi astoydil gʻazab edi. U vajohat bilan Obodxonga tashlanmoqchi boʻldi. Erining fe’lini bilgan Maxsuma uni yengidan ushlab, tortdi. Obodxon avvaliga orqasiga tisarildi, keyin dod solib uyiga qochib kirdi. Ahvol jiddiyligini koʻrgan Robiya uyidan shoshib chiqib, erning yoʻlini toʻsdi. “Ukajon, oʻzingizni bosing”, deb ovutishga harakat qildi. Er bisotidagi barcha haqoratlarni aytib boʻlgach, sal hovuri bosildi shekilli, xotinining soʻziga kirib iziga qaytdi. Robiya ularni koʻchaga qadar kuzatdi. Darvozaxonaga qaytganida ayvonning derazasini lang ochib olgan Obodxon ularning izidan qargʻashni boshlab yuborgan edi:

-E, goʻlaymaygina koʻzlaring teshilsin! E, mollaring bilan qoʻshmozor boʻllaring! Qarzlaringdan qutulolmay lahadda chirilaring!

Robiya bu qargʻishlar yomgʻiri ostidan indamay oʻtib keta olmadi:

-Obodxon, boʻldi endi. Qoʻying, - dedi-yu, balo yomgʻirini oʻz boshiga oʻzi chaqirdi.

-Nimaga qoʻyarkanman!-Obodxon endi unga gʻazab bilan tikilganicha baqira ketdi. - Koʻrib quvonyapsizmi! Chapak chalib oʻtiravering. Shularning hammasi sizlarni deb boʻldi. Sizlar bizlarni koʻrolmaysizlar, ha! Ichlaring qozonning kuyasidan ham qora! Bilib qoʻylaring: oʻsha mollarimni oʻzim qaytarib olaman. Erimga “Mersedes” olib beraman. Qizlarimni boyvachchalarga uzataman! Uchchala charlarida uchchala kuyovimning qoʻliga bittadan “Mersedes”ning kalitini tutqazaman. Ha! Koʻrib, kuyib-kuyib ado boʻllaring!

Robiya bu gaplarga chidolmay kaftlari bilan quloqlarini berkitganicha uyiga kirib ketdi. Shunda ham Obodxonning jagʻi tinmadi:

-Xoy, xoʻrozlaringni yoʻqotlaring! Hammayoqni axlatxona qilib tashladi. Axlat pulini ham toʻlab qoʻylaring. Senlar uchun toʻlaydigan ahmoq yoʻq!

Obodxonning diydiyosi darvozaxona yaqinida katta yuk mashinasi toʻxtaguncha davom etdi. Darvoza eshigi ochilib, eri koʻringach, uni qarshilashga shoshildi.

-Pul olib chiq, - dedi Sattor uni ayvon eshigi ogʻzida toʻxtatib. - Bozor narxidan arzon tushdi. Kurilishga olib ketayotgan ekan, bu ham omaddanda.

Mashina gʻishtni agʻdarib, haydovchi haqqini olib ketgach, Sattor:

-Bozorga tushib ikkita mardikor olib chiqay, - dedi.

-Mardikorni nima qilasiz? Gʻisht tashishgami? Oynisa kelsin, qizlarning oʻz tashib qoʻyadi. Shunga ham pul sarf qilish kerakmi? Siz ustaning harakatini qiling. Qizigʻida bitirib olish kerak. Keyin gap-soʻz koʻpayadi.

-Bu gʻisht yetmaydi, yana kamida ikki mashina kerak. Ustani oʻshanda topamiz.

-Shuncha gʻisht yetmaydimi? Menga qarang: nima, gʻishtga ham, ustaga ham biz toʻlaymizmi? Devor oʻrtada boʻlgandan keyin chiqimi ham oʻrtada! Akangizga ayting.

Qani edi shunday boʻla qolsa! Sattorning yashirin muddaosi ham shu. Lekin devor olish tashabbusi ulardan chikdi, akasi bir tiyin ham bermaydi. Chiqimni zimmasiga olishdan oʻzga chora yoʻq.

Sattor buni aytib tushuntirmoqchi edi, Obodxon katta koʻcha tomon imladi:

-Qarang, amakingizmi? Shu yetmay turuvdi.

-Nimaga unaqa deysan? Qoʻrqma, sening osh-noningni yeb ketmaydilar.

-Men uni aytayotganim yoʻq. Faqat... devorni aytmay turing, gap chaynalmasin.

-Sen aytmasang ham aqlim yetadi, - Sattor shunday deb jilmayganicha amakisiga peshvoz chiqib, quchoqlab koʻrishdi.

Ba’zan kishining aqli bovar qilmaydigan voqealar yuz beradi. Kayfiyating siniq, hatto yaxshi odamlar suhbati ham yoqmaydi. Ana shunday paytda albatta senga yomonlar duch kelishadi-yu, shundogʻam siniq kayfiyatingni parcha-parcha qilib tashlashadi.

Toʻlqin ukasi bilan boʻlgan kechki toʻqnashuvdan keyin boʻlari boʻlgan edi. Agar ukasining gapi kutilmaganda yangraganda bunchalik azob chekmasdi. Toʻlqin shunday gap qachondir aytilishini kutib yashayotgan edi. Kutsa-da, “ehtimol adashayotgandirman, bu oqibatga bormas”, degan umid bilan oʻzini ovutib kelayotgandi. “Ukam “uyni sotamiz yo hovlini oʻrtadan boʻlamiz” deb qolsa, yer yorilib hammani yer yutib ketarmikin?” deb ham oʻylardi.

Oʻsha gap aytildi.

Yer yorilmadi, birovni yer ham yutmadi.

Shunday osongina uchar ekan bu gap tildan.

Lablar hatto titramas ham ekan...

Biroq...

Quloqlardan osongina oʻtgan bu gap oʻqqa aylanib yurakka qadalishi oʻrniga yer yutgani yaxshiroq emasmidi.

Akasiga qarata gʻazab bilan aytilgan bu soʻzlar hovliga singib ketmay, oʻqqa aylanishi, uchib borib qabristondagi ikki goʻrga sanchilishi-chi?

Toʻpponchadan uchib badanga sanchilgan oʻqning davosi bor. Qalbga sanchilgan soʻz oʻqlari davosiz.

Agar bu soʻz oʻqlari jigaring tomonidan uzilgan boʻlsa sen uchun qiyomat boshlanibdi...

Yaralangan Toʻlqinning tuni tun emas, goʻyo lahad zimistoni boʻldi. Hayotdan toʻyib ketdi. Milliardlab odamlarga yetib ortayotgan havo unga yetmayotganday tuyuldi. Bir vaqtlar tasodifan yoʻliqqan folbin unga “sen uzoq yashaysan, shunday uzoq yashaysanki, hayot joningga ham tegib ketadi. Oʻlging keladi. Ammo oʻlolmaysan”, degan edi. Tunda folbinning shu bashorati behos yodiga tushdi. “Hayotdan toʻyishim boshlandimi? Yana qancha davom etadi bu? Hovlini boʻlish mashmashasi boshimga bitgan balolarning hammasimi yo bundan battarlari ham bormi?” -uyqusiz tun uning bu savollariga javob bera olmadi.

Shunday kayfiyatda ishga borganida birinchi uchrashgani Koʻrqmas boʻldi. Kecha u olib borayotgan “Ish”bilan tanishib, fikrlarini boshliqqa bayon qilgan, uning bu sohaga yaroqsizligini bayon etuvchi bildirgi ham yozib bergan edi.

Qoʻrqmas til uchida salom berdi, Toʻlqin bosh irgʻab, xohlamaygina alik oldi. Qoʻrqmas, gapni aylantirmay muddaoga koʻchib qoʻya qoldi:

-Keldiyorovning ishidan chetlatganingiz yetmay, endi butunlay xaydatmoqchimisiz?

-Bu sohadan ketsangiz oʻzingiz uchun ham yaxshi boʻladi, - dedi Toʻlqin maslahat ohangida.

-Men sizga nima yomonlik qildim?

-Shaxsan menga yomonligingiz yoʻq. Men ham sizga yomonlik qilmoqchi emasman. Agar vaqtida boshqa kasb qilsangiz oʻzingizga yaxshi.

-Ishimning nimasi sizga yoqmayapti?

-Qizni kim zoʻrlagan deb gumon qilyapsiz? Gʻayrat Sanaqulovmi? Kimni qamoqqa oldingiz? Shuhrat Sanaqulovnimi? Nega?

-Bular aka-uka.

-Bilaman. Lekin voqea sodir boʻlgan kuni Shuhrat Sanaqulov Koreyada boʻlgan.

-Buni menam bilaman. Men aybni unga agʻdarmoqchi emasman. Akasini uch-toʻrt kun qamab qoʻysam, ukasini topib berishadi. Bu sinovdan oʻtgan uslub-ku, nega menga yopishib oldingiz?

-Bu sinalgan, lekin sinovdan oʻtmagan ahmaqona uslub. Jinoyatlar bir-biriga oʻxshamaydi, uni ochish uslubi ham oʻzgacha boʻladi. Agar shunga aqlingiz yetmayotgan boʻlsa...

-Bu gapingizni koʻp eshitdim, - dedi Qoʻrqmas endi dagʻalroq ohangda. - Xoʻp, meni ishdan chetlatishlarini talab qilibsiz. Men shu sohadan ketsam sizning baxtingiz ochiladimi? Yoʻlingizni men toʻsib turuvdimmi?

-Mening baxtimni oʻzimga qoʻyib bering. Oʻzingizni oʻylang.

-Unda siz ham oʻzingizni oʻylayvering. Meni siz ishga olmagansiz, boʻshatish ham qoʻlingizdan kelmaydi. Bilib koʻying, bu adolatingiz bilan uzoqqa borolmaysiz.

-Qayergacha borishimni oʻzim yaxshi bilaman.

-Yaxshisi bildirgingizni qaytarib oling.

-Katta ketishingizga qaraganda yelka tirab turgan togʻingiz baquvvatga oʻxshaydi. Mayli, suyanavering.

Telefon jiringlab ularning suhbati uzildi. Toʻlqin goʻshakni ola turib qat’i tarzda:

-Qaytarib oladigan bildirgini yozmay qoʻya qolaman, - dedi. Keyin goʻshakni qulogʻiga tutdi: -Mayor Ilyosov.

-Adasi, bu menman...

-Hozir... - Robiyaning ovozini eshitib Qoʻrqmasga qaradi:-Boshqa gapingiz boʻlmasa meni holi qoldiring. Bu xonaga boshqa kirmasangiz yana ham yaxshi.

Qoʻrqmas unga gʻazab bilan tikilganicha: “hali koʻramiz, oldimga oʻzing emaklab borasan!” deb chiqib ketdi.

-Tinchlikmi, nima gap? - deb soʻradi Toʻlqin noxush ohangda.

-Adasi... Sattorjon bir moshina gʻisht olib keldilar, - dedi Robiya aybdor odam ohangida.

-Olib kelsa nima boʻpti? - dedi Toʻlqin qoʻrslik bilan.

-Bilmadim... rostdanam hovlini boʻladilar shekilli...

-Boʻlsa men nima qilay!-Toʻlqin shunday deb baqirib stolni mushtladi. - Menga qara, gʻisht olib keladimi, balo olib keladimi, hozir menga telpon qilishing shartmidi! Men ishdaman. Tushunasanmi yo yoʻqmi?!

-Adasi...

-Nima, adasi!

-Amakimham keluvdilar...

-Qaysi amaking?

-Ibrohim amakim...

Bu xabardan keyin Toʻlqin shashtidan bir oz tushdi. Oʻgʻlining Sherbuloqqa borib kelganini eslab, amakisining qanday maqsadda kelganini angladi-yu, koʻngliga yorugʻlik oralaganday boʻldi.

-Kelgan boʻlsalar darrov ovqatga unnamaysanmi? - dedi Toʻlqin yumshoqroq ohangda.

-Peshinga kelib-ketarmikinsiz, devdim... juda gʻalati boʻlyapti-da?

-Nimasi gʻalati?

-Oldinlari toʻgʻri biznikiga kirib kelardilar. Bu safar... u yoqqa kirib ketdilar. Kirishni ham kirmaslikni ham bilmay turibman.

-Bu nima deganing?

-Obodxonning fe’lini bilasiz-ku?

-Fe’liga oʻt tushsin uning. Aftiga qarama, kirib soʻrashib chiq. -Shunday deb gapni kalta qildi-da, goʻshakni oʻrniga qoʻydi.

Endi nima qilishini bilmay garangsib oʻtirdi. Amakisining maqsadini biladi. Hovlini boʻlish uchun gʻisht tushirilgani ham unga ma’lum. Amakisi murosaga keltirish yoʻlini qidiradi. Ukasi ayb axlatini u tomon agʻdarishi shubhasiz. Amakisi bu ayblovlarga ishonadimi? Oʻrtada Toʻlqin moxovdek boʻlib qolaveradimi? Amakisi murosaga keltirish yoʻlini qidirib topa oladimi?

Ibrohim darvoza oldida uyulib turgan gʻishtlarni koʻrdi-yu, ruhlarning havotiri bejiz emasligini angladi. Oʻzicha “kech qolibman shekilli”, deb oʻylab koʻngli gʻashlandi. Salohiddin bilan boʻlgan suhbatdan soʻng aka-ukaga aytish uchun oʻylab qoʻygan gaplari endi foydasiz ekanini fahmladi. Endi bu xonadon ostonasini bosib oʻtguniga qadar yangicha yoʻl oʻylab topishi kerak edi. Qisqa muddatda oʻylab topgani - bu safar odatni kanda qilib, ukaning uyiga qadam ranjida qilish boʻldi. Bu holatdan bexabar Robiya ham ajablanib, ham xavotiranib, eriga koʻngʻiroq qilgan edi.

Sattor ham Obodxon ham Ibrohim amakilarini suyukli mehmon kabi qarshiladilar. Ogʻzi chaqqon Obodxonning qoʻl-oyogʻi ham chaqqon boʻlib qoldi. Ichkari uyda yotgan Oftobxonni turgʻizdi, ona-bola dasturxon tuzashga kirishdi.

Ibrohim salom-alikdan soʻng “ozgina gina qilib qoʻyish foydadan holi boʻlmas”, degan qarorga keldi:

-Bormisan, jiyan, akang-u yilda bir boʻlsa ham xabar olib turadi, sen anqoning urugʻiday boʻlib ketding-ku, a?

Sattor “ha, endi...” deb gapirishga arzigulik bahona izlayatuvdi, mushkulini xotini oson qilib qoʻya qoldi:

-Amaki, tirikchilikdan ortmay qoldik. Oʻzingiz koʻrib turibsiz-ku, roʻzgʻor deganlari yutvoray deyapti.

-Roʻzgʻorning ogʻzi karnayday ochib tashlansa - yutaman, deydi. Nafsga qarab emas, qoringa qarab ochilsa - yutmaydi, - dedi Ibrohim keliniga qarab.

-Voy. qiziqsiz-a, amaki, hozir shaharda qorin toʻygʻazish ham oson emas.

-Noshukur boʻlmang, qizim. Sizga bir rivoyat aytib beraymi?

-Rivoyat bilan qorin toʻyadimi, amaki?

-Ehtimol toʻyib qolar, siz eshiting, qizingiz ham eshitsin, oʻtir qizim, - Oftobxon itoat bilan oʻtirgach, Ibrohim Obodxonga qaraganicha rivoyatni boshladi:-Bir odam xufton namozini oʻqish uchun jala quyayotganiga qaramay masjidga ketayotgan ekan. Bir mahal toyib, koʻlmakka yiqilibdi-da: “Ey Allohim, oʻzingga shukur, yiqitding-u, qoʻlimni sindirmading”, debdi. Bir oz yurgach, bu safar ariqqa yiqilibdi-da: “Ey Allohim, oʻzingga shukur, yiqitding-u, oyogʻimni sindirmading”, debdi. Shunda bir yigit qoʻlida chiroq bilan paydo boʻlib:”Otaxon, men sizni masjidga kuzatib qoʻyaman”, debdi. Manzilga yetgach, u odam yigitdan: “Sen kimsan, kimning haqqiga duo qilay?” deb soʻrabdi. “Men shaytonman, yigit qiyofasiga kirganman”. Bu gapdan otaxon ajablanib: “Bu qanaqasi, shayton birovga yaxshilik qilmas edi-ku?”- debdi. “Ha, yaxshilik qilmayman, - debdi shayton, - Sen birinchi marta yiqilib Allohga shukur qilganingda Alloh “Bandam azoblansa ham menga shukur qildi, guvoh boʻlinglar, shu shukrona hurmati men uning gunohlaridan kechdim”, dedi. Ikkinchi marta yiqilib, shukur qilganingda Alloh shu shukronang hurmati qarindoshlaringning ham gunohlarini kechirib yubordi. Agar uchinchi marta yiqilib shukur qilganingda Alloh barcha musulmonlarning gunohlarini kechirib yubormoqchi edi. Men bunga yoʻl qoʻymaslik uchun seni bu yerga omon-eson yetaklab keldim”, degan ekan. Ana shunaqa, kelin, shukr qilishning savobi juda katta.

-Bu rivoyatingiz gunohkorlar uchun ekan. Bizda gunoh yoʻq, oʻzimiz yigʻib-terib qornimizni toʻygʻazib yuribmiz.

Kelinining gapidan Ibrohimning ensasi qotdi. Bu suhbatga yosh qizning guvoh boʻlishini ma’qul koʻrmay “Kizim, sen darslaringni qilaver”, deb unga ijozat berdi.

-Kelin, siz unday fikr qilmang. Hammalarimizda ozmi-koʻpmi gunoh bor. Hammalarimiz bu gunohlar uchun javob beramiz, - Ibrohim shu gapni aytgach, Obodxon bilan suhbatlashish istagi yoʻqligini ham bildirgisi kelib, Sattorga yuzlandi:-Men sendan xafa emasman, jiyan, oʻzi ilm odamlari shunaqaroq boʻlishadi. Sen dadangga oʻxshading. Dadangni ham oʻzim kelib koʻrib turmasam, boray demasdi. Ilmni gullatib yuribsanmi, ba’zi nodonlarga oʻxshab tashlab yubormadingmi, ishqilib? - shunday deb sinov nazari bilan tikildi. Aslida uning ilmni tashlaganini Salohiddindan eshitgan boʻlsa-da, toʻgʻridan-toʻgʻri nasihat qilmay, oʻzini bexabarday tutmoqda edi.

Sattor amakisining oʻtkir nigohiga dosh berolmay, pastga qaradi-da:

-Ha, endi gʻimirlab turibmiz, - deb mijgʻovlandi.

Erining bu holda fosh boʻlishini istamagan Obodxon gapni ilib ketdi:

-Voy amaki-ey, ilm-ilm deysiz, hozir birov ilmga qaramayapti, choʻntakka qarayapti.

-Kelin, sizga oʻxshaganlar balki choʻntakka qarayotgandir. Lekin odamlar ilmga qaraydi. Olim odamning martabasi Allohning oldida ham baland turadi, bilmasangiz bilib qoʻying. Menam qishloqda “Jiyanim olim”, deb kerilib yuraman. “Jiyanim milisa”, deb maqtanmayman. Chunki milisa qishlogʻimizda ham bor, olim esa yoʻq. Ilgarilari “Ibrohim Toshkanddagi olim Shavkatning ukasi”, deyishsa bir qop semirardim. Ana endi otasining nomini bu ulugʻlab yuribdi. Boʻsh kelma, jiyan.

-Ha... endikoʻldan kelganicha...

Obodxon eriga “muncha mijgʻovlanasiz!” degan ma’noda norozi qaradi. Sattor esa gapini yoʻqotib, amakisidan hol-ahvol soʻrashni ham unutdi.

Oraga sukut choʻkdi. Ibrohim topgan usuli yaxshi samara berishiga ishonch hosil qilib, yana gap boshladi:

-Gʻishtni akang tushirtirdimi? Pastga qurilish qilmoqchidirda, a? Toʻgʻri oʻylabdi. Oʻgʻlini uylantiradigan boʻlsa, yana bitta uy kerak. Asli pastdagi uylaring ancha nurab qolgan. Poydevorining mazasi yoʻgʻidi. Paxsasini oʻzim urib beruvdim. Eslaysanmi? Chillakdek oyogʻing bilan loy tepaman, deb xarxasha qilarding. Adang rahmatli “shamollab qolasan”, deb unamasdi. Aka-uka judayam ahil edilaring. Men bollarimga senlarni misol qilib aytib, tergab turardim. Akang senga vaqtida otalik ham qildi, endi qanotiga kirib, toʻylarini oʻtkazishib bersang, baraka topaverasan. Akaning duosi otaning duosi kabi boʻladi. Eski kitoblarda yozilgan: uka qoʻy soʻyib xudoyi qilmoqchi ekan, shunda gʻoyibdan bir sado kelibdi: “ey yigit, esingdami, bitta arzimas gap bilan akangning koʻnglini ogʻritgan eding. Sen avval akangdan uzr soʻrab, uning roziligini olgin, keyin qoʻyni soʻy. Akangning rizoligi boʻlmasa, xudoyiga soʻyadigankoʻyingqabul emas”.

-Ha... endi akalar ham har hil boʻlishadi, - dedi Sattor.

-Gaping toʻgʻri. Men hayotda har hilini koʻrdim. Ota-onasidan keyin hovlini boʻlib olganlarini ham, ukalarini qiyratib haydaganlarini ham uchratdim. Bular Alloh oldida nima deb javob berishlarini bilmaydilar hali. Hovlini boʻlib tashlaydigan gʻisht devorni odam qoʻli bilan tiklaydi. Uni vaqti kelib buzib tashlasa boʻladi. Gʻishtlarni boshqa xayrli joyga ishlatish mumkin. Lekin aka-ukalarning qalbidagi devor ham bor. Uni iblis tiklaydi. Iblis tiklagan devorni buzib boʻlmaydi. Hovlida gʻisht devor terish boshlanmay turib iblis qalblarga devor urishni jadallashtiradi. Qalbdagi devor puxta ravishda tiklanganidan keyin hovlidagi gʻisht devorga navbat keladi. Usta gʻisht teradi, mardikor unga qarashadi. Iblis qalblarga devor urayotganida unga aka-ukalar bilan ovsinlar mardikorlik qilib turishadi. Shu mardikorliklari uchun qiyomatda jazo olishadi. Biroviga kam, biroviga koʻp jazo berilmaydi, jazo bab-baravar boʻladi. Xudoga shukur, senlar bu toifadan emassanlar.

-Amaki, zoʻr-zoʻr gaplarni topib gapirasizu lekin, dunyoda shunaqa akalar, shunaqa ovsinlar borki...

-Choyinggaqara!

Erining zarda ohangidagi buyrugʻi Obodxonni gapdan toʻxtatdi. Ibrohim xotinning maqsadini anglab, tomogʻini qirib qoʻydi. Obodxon qovoq uyib oʻtirgan eriga bir qarab olib: “Shunaqa, toʻgʻri gap tuqqaningga ham yoqmaydi”, deb mingʻirlaganicha oshxona tomon yurdi. Choy damlayotganida toʻrtta non koʻtargan Robiya kirib keldi. Obodxon ovsiniga “koʻzim uchib turuvdi!” degan ma’noda chimirilib qaradi.

Robiya chimirilishga javoban bu yerga chiqishi sababini aytishi lozimligini angladi:

-Amakim kelibdilar... - deb nonni uzatdi.

-Ha, amakingiz kelib qoldilar, - Obodxon ovsini uzatgan nonni olmadi:- kiring, oʻzingiz olib kiravering.

Robiya kirib salomlashdi. Sattor u uzatgan nonlarni olib, bittasini sindirdi. Ibrohim Robiyadan hol-ahvol soʻrayotganida Obodxon choynak koʻtarib kirdi. Suhbat qovushmay qoldi. Ibrohim u yoq-bu yoqdan gapiraverib toliqdi. Roʻparama-roʻpara oʻtirgan ikki ovsin bir-biriga tashlanishga shay gʻanimday koʻrindi koʻziga. Ahvol Salohiddin aytganidan ham batarroq ekanini fahmladi. Robiya uzoq oʻtirmadi, hovlidagi oshxonaga chiqib ovqatga unnay ketdi. Ibrohim xonasiga kirib ketgan Oftobxonni chaqirdi:

-Qizim, soʻrini bir supurib yuborib, toʻshak solib ber, tashqarida oʻtiray, qishloqda ham uyda oʻtirolmaydigan boʻlib qolganman, - dedi.

Soʻrida joy tayyor boʻlganda dasturxon yozdirmadi. Bu orada Nuriddin maktabdan kelib, unga ovunchoq topildi. Nuriddin Ibrohim opoqdadasini juda yaxshi koʻrardi. Otasi yoki onasi bilan qishloqqa borganida yayrardi. Xoʻrozni ham shu opoqdadasi bergan edi. Ibrohim bolaning oʻqishlarini soʻrab-surishtirgach, oʻzining peshonasiga yengil shapati urib qoʻydi.

-Esim qursin, senga yana ikkita xoʻroz va’da qiluvdim-a? Mayli keyingi safar olib kelaman.

-Olib kelmang, opoqdada, - dedi Nuriddin.

-Nega?

Nuriddin Obodxon tomon qarab qoʻyib, ovozini pastlatdi:

-Kennayim urishyaptilar.Buni ham soʻyvorib, gumdon qilarmishlar.

-Yoʻgʻ-e, kennaying hazillashgan. Soʻymaydi. Maktabdagi oʻqishing tamom boʻlsa, seni qishloqqa olib ketaman. Uch oy biznikida turasan. Xoʻrozvoyingni ham olib ketamiz. Dalada bi-ir yayrasin. Bu katalakda yuraklari siqilib ketgandir. U yerda kuchga kirib qaytib, shahardagi eng zoʻr xoʻrozga aylanadi. Uni urishtirib koʻrdingmi?

-Bir marta urishtiruvdim, oyim qulogʻimdan choʻzdilar. Bemehr odamlar xoʻroz urishtirarkan. Men mehribon boʻlishim kerak ekan.

Bu gap Ibrohimga ma’qul tushib, bolani quchoqlab oldi.

-Oying toʻgʻri aytibdi. Odam degani mehribon boʻlmasa hayvondan farqi qolmaydi.

Bu dunyoni hademay tashlab ketadigan qariya bilan dunyo mashmashalaridan ajablana boshlagan bolakay shu tarzda huddi qalin birodarlar kabi suhbatlashib oʻtirishdi. Amakisining yonidan joy olgan Sattor bu suhbatga qoʻshilmadi. Ikki kelin ikki oshxonada ovqat tadorigi bilan band boʻldilar. Robiyaning ovqati avvalroq pishib, uyga taklif qildi. Lekin Ibrohim unamadi. Taomni shu soʻrida yeydigan boʻldilar. Hammalari oʻrtada turgan soʻridan joy oldilar.

-Bir kelganimda adang rahmatli orzu qilgan edi, - dedi Ibrohim Sattorga qarab. - Chol-kampir oʻrtada oʻtiramiz. Bir tomondan katta kelinim, bir tomondan kichigi choy uzatib xizmatimizni qilishadi, devdi. Ozgina boʻlsa ham orzusiga yetdi. Mana endi kelinlarimning xizmatidan men bahramand boʻlib oʻtiribman, Allohimga beadad shukur.

Bu gapdan keyin ovsinlar bir-birlariga ma’noli qarab qoʻyishdi.

Toʻlqin va’dasiga vafo qilmadi: kunduzi kelolmadi. Boshqarmaga borib, kechgacha qolib ketdi. Uyga kelganida kechki taomni ham yeb boʻlishgan edi. Soʻridagi dasturxon yigʻib oligan, Ibrohim qoʻsh yostiqqa yonboshlab olgan edi. Qovusholmayotgan Sattorga: “olim odamning oʻqishi koʻp boʻladi, oʻqishingni qilaver, men oyoqni uzatib, ozgina dam olaman”, deb ijozat bergandi.

Toʻlqin kelgach, Robiya qaytadan dasturxon yozdi. Televizor koʻrayotgan Nuriddin chiqib, adasining yoniga oʻtirib oldi. Toʻlqin hadeb qistayvergach, Ibrohim noiloj oshga qoʻl uzatdi.

-Shaharning bitta yaxshi tomoni - pashsha kam, - dedi u, - qishloqda kunduzi pashsha, kechqurun chivin haydab osh yegandek boʻlmaysan.

Amakisining pashsha haqidagi gapi behos bir voqeani yodiga tushirdi.

Shu imorat qurilishi avjga chiqqan paytlar edi. Bu soʻrining oʻrnida omonat stol va taxta oʻrindiq turardi. Hovli etagidagi chayla oshxona vazifasini oʻtardi. Ovqat pishgan mahalda adasini ikki hamkasbi yoʻqlab keldi. Onasi dasturxonni yigʻishtirib chetga qoqdi-da, yana qaytarib soldi. Oʻsha kuni ovqat kechroq qolib, aka-ukaning qorni ochib ketgan edi. Mehmonlar taxta oʻrindiqdan joy olishgach, aka-uka kechagina somon suvoqdan chiqqan uyga kirib oʻtirishdi.

Mehmonlar ovqalanishni boshlashganda Sattor piqillab yigʻlay boshladi.

-Nega yigʻlayapsan? - deb soʻradi Toʻlqin uni pinjiga olib.

-Qornim ochib ketdi. Qarang, ular ovqatning hammasini yeb qoʻyishyapti.

-Jim tur. Yeb qoʻyishmaydi. Oyimga “ovqat suzmang, qornimiz toʻq”, deyishdi-ku, eshitmadingmi? - deb ukasini ovutmoqchi boʻldi Toʻlqin.

-Aldashdi, ana qarang, yana qoshiqni olishdi.

-Baribir hammasini yeyisholmaydi, kosada ovqat judayam koʻp. Jim tursang, hozir ketishadi.

Sattor akasining gapiga uncha ishonmay, battar piqillay boshladi. Toʻlqin uni quchoqlab yana ovutdi. Bolalarining ahvolidan bexabar Shavkat mehmonlar bilan boshlagan bahsini davom ettirardi:

-Yoʻq, men bunga baribir yoʻl qoʻya olmayman. Bu moddaning tarkibida zahar juda koʻp-, - dedi u, bosh chayqab.

-Ha, koʻp, buni hech kim inkor etmaydi, - dedi tepakal mehmon, - Lekin zahar miqdori ozgina kamaytirilsa ham, hasharotga ta’sir qilmaydi.
— Demak, ta’sir qilishning boshqa yoʻlini topish kerak, - dedi Shavkat oʻjarlik bilan

-Aytishga oson-, - deb gapga qoʻshildi baqaloq mehmon. - Umuman, sizning bu oʻjarligingiz hozirgi paytda mutlaqo oʻrinsiz. Siz qarshi boʻlganingiz bilan bu dorilar baribir ishlab chiqarishga qoʻyiladi. Chunki bu ishga Moskva qarshi emas.

-Ular albatta qarshilik bildirishmaydi. Qani, shu zaharni Moskva atrofiga ekilgan kartoshkalarga sepamiz, deb koʻring-chi, nima deyisharkin?

-Bunga kartoshkaning nima aloqasi bor? - deb ajablandi tepakal mehmon.

-Ha, barakalla. Kartoshkaning ham aloqasi yoʻq, paxtaning ham. Gap shu ekinlarga sepiladigan doridan odamlarning zaharlanishida. Bu zahar hatto bir oylik homilaga ham ta’sir etishi mumkin, shuni hech oʻylamadilaringmi?

-Nega oʻylamas ekanmiz, odamlarga faqatgina siz qaygʻurmaysiz. Dori sepilganda havfsizlik choralari koʻriladi.

-Havfsizlik chorasi?.. Hm... Bu choraga biron zavodda amal qilish mumkindir. Dalada sigirlarni bitta-bitta tutib qulogʻiga “oʻrtoq sigirjon, havfsizlik chorasiga amal qiling, bu oʻtlarga zahar sochilgan, uni yemang, sutingizni zaharlamang”, deb chiqasizmi? Yo dori sepilganidan keyin odamlar uch-toʻrt kun qanoat qilib uylaridan chiqmay oʻtiradilar, deb oʻylaysizmi? Kimyo odamzotni ezuvchi dushman emas, ogʻirini yengil qiluvchi doʻsti boʻlishi kerak.

-Shavkatjon, siz bu balandparvoz gaplaringizni qoʻying. Oʻjarligingizni ham yigʻishtiring. Buning oʻrniga uyingizni bitirib oling, doktorlik dissertatsiyangizning taqdirini oʻylasangizchi!

-Uy tiklanyapti, dissertatsiya himoyaga tayyor. Gapingizga tushunmadim: siz nasihat qilyapsizmi yo rahbarlarning poʻpisalarini menga yetkazyapsizmi?

-Be, Shavkatjon, qoʻying, shu gaplarni, biz siz bilan masala talashgani kelmadik. Oshnachiligimiz hurmati “horma, bor boʻl!”ga kelganmiz. Ishxonadagi majlislar jonga tekkan, oling, ovqat sovimasin.

Baqaloq mehmonning “ovqat sovimasin”, degan gapidan keyin Sattor “ana, yana yeyishyapti-ku!” dedi-yu, ovoz chiqarmasdan astoydil yigʻlay boshladi.
— Jim oʻtirgin, hozir ketishadi, - deb ukasiga yalindi Toʻlqin. -Qornim ochib ketdi...

-Hozir non yeding-ku?

-Barbirgayam ochyapti, moshxoʻrda ichgim kelyapti...

Shavkatning oʻjarligimi sabab boʻldimi yo bollarning baxtigami, har holda mehmonlar uzoq oʻtirishmadi. Shavkat ularni tuproq koʻchaga qadar kuzatdi. Bolalar esa uydan yugurib chiqishdi. Sattor kosalarga qaradi-yu, “Ana, siz meni aldadingiz, ovqat qolmabdi!” deb, endi ovoz chiqarib yigʻlay boshladi.

-Yigʻlama bolam, qozonda ovqat bor, - dedi Farida uni bagʻriga olib, erkalab. Soʻng qaytayotgan eriga qaradi:- Aksiga olib ovqat kam qilinganda mehmon keladi-ya. Tinchlikmi, adasi?
— Tinchlik. Oshga pashsha tushdi, boshqa gap yoʻq. -Qani, pashsha? - dedi Sattor bu gapdan ajablanib.
— Hozir oying senga pashshasi yoʻgʻidan olib keladi, - dedi Shavkat bolaning soddaligidan kulib.

Farida qozonda qolgan moshxoʻrdani ikki kosaga suzib olib keldi.

-Bu ozgina-ku? - dedi Sattor nolib.

Farida nima deyishini bilmay turganida Toʻlqin kosasidagi ovqatdan uch toʻrt-qoshiqni ukasining kosasiga soldi...

Ovqatga qanday pashsha tushganini Toʻlqin keyinroq ulgʻayganida bildi. Adasining ilmiy ishiga qanday qarshiliklar boʻlganini onasidan eshitgan edi. Adasi ilmiy ishlari haqida unga gapirmasdi. Keyinroq “ilmiy izlanishlarimning merosxoʻri”, deb Sattorga gapiradigan boʻlgandi.

Toʻlqin bu voqeani esladi-yu tomogʻiga bir nima tiqildi. Bu dunyoning shoʻrishlaridan amakisiga xasrat qilgisi keldi. Ba’zan yuragi siqilgan damlarda onasini, otasini qoʻmsardi. Ularga dardini aytgisi, maslahat soʻragisi kelardi. Dunyo ajoyibda! Ota-ona tiriklik paytida ularning nasihatlari, maslahatlari kishiga yoqmaydi. Keyin esa qoʻmsayveradi, qoʻmsayveradi...

Ba’zilar shunday hollarda najot tilab qabristonga ham boradilar. Ajab! Najotga zor murdalardan qanday najot boʻlishi mumkin?

Toʻlqin qoshiqni qoʻyib, beixtiyor ravishda choʻntagidan sigaret chiqarib labiga qistirdi. Shundagina amakisining ziyrak nigohiga koʻzi tushib, sigaretni qoʻliga olib gʻijimladi:

-Uzr, amaki, - dedi hijolatlik bilan.

-Avval koʻrishganimizda “chekishni tashlayman”, deb va’da beruvding?

-Va’da berish oson-ku... - Toʻlqin shunday deb hazin jilmaydi, - bajarish qiyin ekan.

-Adangning irodasi ham boʻsh edi. Erkak odam bir gapli boʻlishi kerak. Toʻngʻiching oʻqishni bitiray deyaptimi?

-Xudo xohlasa bir-ikki oydan keyin tugatadi.

-Shu bolangni qishloqqa ishga yuborsang boʻlardi. Oʻsha yoqda uylantirardik. Adangga atalgan uy shundayligicha turibdi.

-Nevara kelinni oʻsha uyga tushiring, deganman-ku?

-Yoʻ-oʻq, u uy adangga atalgan edi. Demak, endi senlarniki. Akamning qaysi nevarasi boʻlsa ham bir kunmas bir kun borib, yashaydi. Agar milisa oʻgʻlingni yubormasang, manavi qoʻzivoyim albatta boradi. Bu bolangda dalaga mehr bor. Buning boshqacha, menga oʻxshayapti. Xoʻp desang, ertagayoq olib ketardi. Oʻzim tarbiyalab, katta qilib olardim.

-Mayli, faqat maktbini shu yerda bitirib olsin.

-U yoqdagi maktabni nazarga ilmaysan, a? Adang oʻsha yoqda oʻqisa ham olim boʻlib ketdi-ku? Sen shaharda oʻqib nima karomat koʻrsatding?

Toʻlqin gap mavzuini burish maqsadida Robiyani chaqirib, laganni uzatdi-da, amakisiga qarab:

-Bu yerda yotishingiz gʻalati boʻlyapti. Uyga kiraylik, - dedi.

-Yoʻq, bunaqa soz havoni qoʻyib, uyda yotish men uchun zindonga tushish bilan barobar, qoʻy jiyan, meni zoʻrlama.

-Unda menam chiqib yotay.

-Yoʻq, senlar nozik odamsanlar. Pashshaning qanotidan chiqqan shabadagi ham shamollaysanlar. Uyingda yotaver. Qoʻzivoy, koʻzing yumilib ketyapti, senam kira qol.

Nuriddin oʻrnidan turib opoqdadasini quchoqladi-da, soʻridan tushib, uyiga kirib ketdi. Toʻlqin joyidan jilmadi. Amakisini boʻlayotgan voqealardan xabardor qilishni ixtiyor etdi-yu, biroq gapni nimadan boshlashni bilmay qiynaldi. Jiyanining ahvolini sezgan Ibrohim uning mushkulini oʻzi oson qilib qoʻya qoldi:

-Juda shashting past, ukang hovlini boʻlmoqchimi?

Bunday savolni kutmagan Toʻlqin bir seskandi, yalt etib amakisiga qaradi:

-Sezdingizmi?

-Bu sezilmasdan qoladigan ish emas, jiyan. Ammo yaxshi boʻlmabdi.

-Ukamga nasihat qilib qoʻyasizmi?

-Senam, ukang ham nasihat qilish yoshidan oʻtgansanlar. Aqlni ishlatish kerak. Har qanaqa holatda ham murosaga kelsa boʻladi. Ilgarigi zamonlarda odamlar mol-hol kirib ekinni payhon qilmasin, deb devorni oʻylab topganlar. Keyin-keyin devor odamlarni odamlardan ajratadigan boʻldi. Endi akani ukadan ajratyapti... Bu gʻisht devorga chidasa boʻlar, vaqti kelib yo oʻzi yemirilar, yo boshqa bir sabab bilan olib tashlanar. Lekin aka bilan ukaning yuraklari orasiga devor tushsa yomon... juda yomon... Hovlini gʻisht devor ajratsa, yurakni bemehrlik devori parchalab tashlaydi. Bilib qoʻylaring: bu devor koʻngillaringga picha orom berganday boʻlar-u, ammo qiyomatdagi javob ogʻir kechadi. Shuni ikkovlaring bir aqllashib koʻringlar. Xudodan qoʻrqmasalaring, qiyomatdan qoʻrqmasalaring, hech boʻlmasa bolalaringdan uyalinglar.

-Men tushunib turibman. Bu tashabbus mendan chiqmadi. Hozirgi gaplaringizni ukamga ham ayting.

-Aytdim, bundan battarroq qilib aytdim, aqli boʻlsa tushunib olar.Shariatda bir masala bor, anglab olishinglar kerak. Ota-onadan keyin mulk vorislar orasida boʻlinadi. Aslida ota-ona oʻlimidan oldin vasiyat qilishi kerak. Merosxoʻrlar esa bu vasiyatga boʻysunishlari shart. Kimki vasiyatni oʻzgartirsa gunohkor boʻladi. Adang rahmatli shariat yoʻlini tan olmay yashadi. Vasiyat ham qilmadi. Senlar ham shariat yoʻlini bilmaysanlar. Shuning uchun boshlaringga bunaqa gʻam-tashvishlar tushyapti. Adang rahmatli vasiyat qilmasa ham bu ikki uyni ikkoving uchun atab qurgan. Shu niyatni balki vasiyat oʻrnida qabul qilarmiz.Sen yashayotgan uyda ukangning haqqi yoʻq, ukang yashayotgan uyda sening haqqing yoʻq. Adangdan boshqa boylik qolmagan, boʻlinadigan narsaning oʻzi yoʻq. Hovlini bunaqa qilib boʻlib olinishi, aka-ukaning yuzkoʻrmas boʻlib yashashi esa shariatga zid. Sen - akasan. Zimmangdagi burch ulugʻroq, javobing ham shunga yarasha boʻladi. Uka toʻgʻri yoʻldan chiqsa, aka ham aybdor, gunohdan oʻzimni chetga olaman, deb ovora boʻlma.

Boshini egib oʻtirgan Toʻlqin bu gaplarni eshitdi-yu, indamadi. Xayolidagi gaplar ayqash-uyqash boʻlib ketdi. Chuqur “uf” tortdi. Boshini koʻtarib, beixtiyor ukasining uyi tomon qaradi. Deraza pardasi ortida Obodxonning turganini koʻrib:

-Ukamga gapirganning foydasi kam, hamma balo ana unda, - dedi.

Ibrohim uning kimni nazarda tutayotganini bilib:

-Gap faqat oʻshanda boʻlsa muammolaring bunchalar ogʻir boʻlmas edi, - dedi tagdor ohangda. - Endi kirib yot, menam hordiq chiqaray.

Toʻlqin noiloj ravishda oʻrnidan turdi. U ukasining ayvoniga qaraganda Obodxon chindan ham deraza yaqinida turgan edi. Hovlidagilarning gaplarini eshitishga harakat qilsa ham, qulogʻiga gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻirdan boshqa narsa kirmay, gʻashini keltirayotgan edi.

-Nima qilib turibsan u yerda, qochsang-chi? - dedi ichkari uydan chiqib kelgan Sattor. - Amakimning gaplariga tushundingmi? Devor urmoqchi boʻlganimizni sezganlar.

-Uyda oʻtirib-oʻtirib shu gapni oʻylab topdingizmi? - dedi Obodxon unga yaqinlashib. - Sezsalar nima boʻlibdi? Ana, jiyanlariga nasihat qilib qoʻysinlar. Bu yerda turmay, chiqing tashqariga.

-Nega?

-Chiqing degandan keyin chiqing. Amaki-jiyan boyatdan beri nimalarni visirlashyapti. Bir nimaning igʻvosini qilishayotgandir balki? Lalaymasdan dadil-dadil gapiring. Odamlar bizni ayblab yurishmasin. Turing, ana, akangiz uyga kirib ketyapti.

-Qoʻy. Kech kirganda gapiradigan gapmas. Amakim dam olmoqchilar.

-Voyey! Bunaqada ogʻzingizdagi noningizni ham oldirib qoʻyasiz!

Kunduzi gʻisht ortilgan mashina darvoza yonida toʻxtaganida iblis oʻzini dunyodagi eng baxtli maxluqlardan hisoblagan edi. Ammo dam oʻtmay katta koʻchada Ibrohim koʻringach, “barcha harakatlarim endi meva beray deganda bu kelib sovurib ketadimi?”deb talvasaga tushdi. Kim boʻlsa boʻlsin, yuzidan iymon nuri porlab tursa iblis talvasaga tushaveradi. Usta Umar qorining tarbiyasini olgan Ibrohim iblisning umidlarini sindirib tashlashi mumkin edi. U bir Obodxonning yelkasiga qoʻnib, bir Sattorga vasvasa qilib ularning chekinishiga yoʻl koʻymadi. U Ibrohimning aka-ukani yuzma-yuz qilib gapirishini kutgan edi. Nazarida bu hol u uchun kechirib boʻlmas magʻlubiyat edi. Lekin Ibrohim boshqa usulni ma’qul koʻrib, unga shodlik baxsh etdi. Ibrohim aytilgan ibratli gaplar kifoyadir, deb yanglishdi. Ibratli rivoyatlar mavjud iymonga quvvat beradi. Iblis botqogʻini haqiqat deb anglovchi aka-ukalarning hali bu martabadan ancha yiroq ekaniliklarini u anglamadi.

Iblis havotiridan butunlay qutulmagan boʻlsa-da, tuni bilan bazm qilib chiqdi. Tong saxar Ibrohim bu xonadonni tark etganida uning bazmi sadolari koʻklarga yetdi.

Toʻlqin uyiga kirib ketgach, Ibrohim aka-ukani murosaga keltirish yoʻllarini oʻylab yotdi. Qancha oʻylamasin xayrli oqibatga olib boruvchi yoʻlni koʻrmadi. Bunaqa paytda hamma nasihat qiladi. Aka-ukalar yoki opa-singillar bu nasihatlarni eshitgilari ham kelmaydi, aksincha oʻzlarini oqlab qarshi tomonni balchiqqa bulashga intilaveradilar. Hech birlari “shu odam menga yaxshilik istab gapiryapti, darrov rad etmay oʻylab koʻrayin, bugunim uchun ham, oxiratim uchun ham foydasi tegib qolar”, deyishmaydi. Yaxshilik umididagi muzokaraning avvalida aka-ukalar yoki opa-singillar kibr, igʻvo, riyo, tuhmat botqogʻiga tizzaga qadar botgan boʻlsalar, oxirida boʻgʻizlariga qadar botib ketadilar. Hovli-joyni sotib, pulini boʻlishadilar yoki oʻrtadan devor oladilar. Bu devor iymonsizlikka qoʻyilgan haykal boʻlib tiklanadi. Hovlini boʻlmaslikka da’vat qiluvchi soʻzlar shu paytgacha yaxshi natija bergan emas. Shu bois ham Ibrohim jiyanlarini yuzma-yuz qilmadi.

Allamahalda koʻzi ilindi. Tushida qishloq qabristonida yurganmish. Onasi bilan akasi goʻr qazdirib uni kutishayotganmish.

-Aka, siz bu yerda nima qilib yuribsiz? - deb soʻrarmish Ibrohim.

-Oyimni koʻrgani keldim, qara, senga chiroyli goʻr qazdirib qoʻydim-dermish Shavkat.

-Men hali oʻlganim yoʻq-ku, jonim chiqqungacha bu goʻr ogʻzini ochib yotadimi, koʻmdirib tashlang, - dermish Ibrohim.

-Turaversin, - dermish akasi, - joyni boshqalar egallab olishadi. Bu adamniki, bu oyimniki... Bunisi seniki.

-Adamniki bu yerda emas-ku?

-Olib keldik...

-Buni koʻmdirib boshqa qazitamiz. Men adam bilan oyimga orqa qilib yotolmayman...

Ochiq goʻrdan bir tutun koʻtarilib, Ibrohimning koʻzlarini achishtirib yuborganmish. Koʻzlarini uqalab ochsa, akasining hovlisida, soʻrida yotganmish. Tepasida onasi turganmish.

-Oyi, bu yerga qanday kelib qoldingiz? Tirikligingizda bu uy yoʻq edi-ku? Qanday topdingiz?

-Men har kuni shu yerdaman. Akang jon talvasasida yotganida ham tepasida edim. Ogʻriqni qoldiradigan dorilardan emlab turishardi. Men Xudoga sigʻinardim: “bolamga berayotgan azobingni menga ber”, derdim. Akang jon bergunicha men ming martalab jon berdim, bolam.

Ibrohim unga qoʻlini uzatdi. Lekin onasi chekindi. Chekina-chekina zulmat qa’riga singib ketdi.

-Oyijon, toʻxtang, birga ketamiz!-deb baqirmoqchi boʻldi Ibrohim. Lekin ovozi chiqmadi.

Hozirgina onasi turgan yerda akasi paydo boʻldi.

-Ha-a, oʻzingiz keldingizmi? - dedi Ibrohim. - Gapimni qarang, “keldingizmi?” debman. Hamisha shu yerdadirsiz? Ahvolni koʻrdingizmi? Men ketganimdan keyin bu yerga devor uriladi. Indamaysizmi? Endi chidaysiz. Oʻzingiz pishirgan osh...

-Ketma, ukajon, ularni murosaga keltir.

-Bu mening koʻlimdan kelmaydi. Men hozir turamanu ketaman. Ular shundan xulosa chiqarib olishadi...

Shunday deb uygʻonib ketdi. Tun yarimlagan edi. Tahorat olib tahajjud namozini oʻqidi. “Jiyanlarimni shayton makridan, vasvasasidan Oʻzing qutqar, ularga hidoyat ber”, deb Allohga munojot qildi. Soʻng yelkasiga ogʻir bir dardni ortgan holda bu xonadonni tark etdi.

Yana bir mashina arzon gʻisht uchragach, arzon-garovga terib beruvchi ustalar ham topildi-yu, hovlida ish boshlandi.

Bu hovliga tashvish bilan shodlik bir kunda kirib keldi. Robiya Bahriddinning kelishiga chiroyli dasturxon bezash niyatida yarim kechagacha tinmadi. Turli shirinliklar pishirdi. Saxar turib chala ishini davom ettirdi. Salohiddin kutib olishga chiqolmasligini aytib uzr soʻragan edi. Nuriddin “akamni kutgani chiqaman”, deb xarxasha qilib maktabiga bormadi. Toʻlqin kiyinayotganda Sattor usta bilan ikki mardikorni boshlab kirib keldi. Oshxonadan shoshib chiqayotgan Robiya ularni koʻrib “kim ekan?” deb ajablanib qaradi.

-Xoʻjayiningiz ketganlari yoʻqmi? - deb soʻradi Sattor zina oldida toʻxtab.

“Xoʻjayiningiz?”

“Akam” demay “xoʻjayiningiz” deyishi Robiyaga malol keldi. “Endi “akam” deyishga ham orlanadigan boʻlib qoldilarmi?” deb ogʻrindi. Boshqa payt boʻlganida ehtimol qaynisiga tanbeh berardi. Hozir begonalar oldida, yana xursandchilik kunida mashmasha boshlanishini istamadi.

-Akangiz uydalar, kiyinyaptilar. Bugun jiyaningiz keladigan, kutgani ketyapmiz, - dedi.

Sattor “hayriyat, eson-omon kelyapti ekan”, deyishni xayoliga ham keltirmadi. Uning oʻrniga darvozaxona oʻrtasiga qoqilgan qoziqni koʻrsatib:

-Xoʻjayiningizga ayting, chiqib koʻrsinlar, devor shu yerdan olinadi, keyin gap-soʻz boʻlib yurmasin, - dedi.

Qoziqni hozir chiqib koʻrish shart emasdi. Kecha oqshomga yaqin qaynisi bilan ovsini hovlini oʻlchab, qoziqni qoqishayotganda Robiyaning koʻzlariga yosh kelgan edi. Goʻyo qoziqni yerga emas, uning qalbiga qoqishgan edi. Bundan erini xabardor qilish maqsadida telefon goʻshagini koʻtargan, lekin buning foydasizligini bilib, fikridan qaytgandi. Toʻlqin darvoza ostonasini hatlab kirganidayoq qoziqqa koʻzi tushib toʻxtab qolgan edi. Erining bu holatidan Robiya havotirlanib, shoshilganicha uni qarshilagandi.

Toʻlqin Robiya aytmasa ham ukasining gaplarini eshitdi. Chiqib soʻkib bergisi, hatto urgisi keldi. Agar shunday qilsa mahalla erta-indin faqat uni ayblagan boʻlardi. Shu bois oʻzini tutdi. Baxtiga Robiyaning oʻzi javob qilib qoʻya qoldi:

-Devorni qayerdan olsangiz olavering. Bu ishni siz boshlayapsiz, hamma ixtiyor oʻzingizda, - dedi. Yigʻlab yubormaslik uchun boshqa gapirmadi.

Bu orada telefon jiringladi keyin Obodxonning ham quvnoq, ham dadil ovozi yangradi:

-Ha, aylanay opovsi, sizmisiz? Voy, mehribonimga girgitton boʻlay. Mullajiring bor joyda pishmaydigan ish boʻlarkanmi? Molni kecha olib chiqqanman. Lekin oldingi narx sal oʻzgardi-da. Qiziqsiz-a, narxini oshirmasam, shuncha harajatimni kim qoplaydi. Oʻzingiz bilasiz, olsangiz oling, opovsi, xohlamasangiz boshqa xaridorlarim bor.

Robiya uydan hammadan keyin chiqdi. Eshikni yopib zinadan tushmoqchi edi, Toʻlqin “Eshikni qulflamaysanmi?”, deb uni toʻxtatdi. Ularning eshigi shu paytgacha qulflanmagan edi. Erining jiddiy boqib turishi Robiyani gangitib qoʻydi. Hovlida begonalar borligi uchun qulflatmoqchimi yo bundan keyin hamisha shunday boʻladimi? Robiya ichkariga kirib kalitni topib chiqqunicha ozgina vaqt oʻtdi. Toʻlqin uni kutmay, oʻgʻlini boshlab koʻchaga chiqib ketdi. Kalitning buralishi oson boʻlmadi. Robiya ham bundan, ham ruh azobidan qiynalib, koʻzlariga yosh oldi.

Bahriddinni kutib olishgach, Toʻlqin ishga borishini shartligini bahona qildi. Yoʻlovchi mashina toʻxtatib, ularni kuzatib qoʻydi. Quvonchi osmonga sigʻmay qaytayotgan Bahriddin ota-onasining chehrasidagi ma’yuslik soyasini ilgʻadi. Garchi Toʻlqinning ham, Robiyaning ham lablarida kulgu boʻlsa-da, qalblari gʻam iskanjasida ekanini yashirishga qodir emasdilar.

Bahriddin uyga kelguncha ukasining savollariga javob berish bilan band boʻldi. Robiya ularning shirin suhbatlarini hazin jilmaygani holda tinglardi.

Bahriddin ostona hatlab oʻtdi-yu, reja tortib gʻisht terishni boshlagan ustalarga koʻzi tushib, savol nazari bilan onasiga qaradi. Robiya “uyga kiraver, keyin tushuntirib beraman”, degan ma’noda uni yelkasidan asta ushladi. Indamay oʻtib ketgisi kelmay ustalarga “Hormanglar”, deb koʻydi. Obodxon ayvon derazasidan ularni koʻrdi-yu, oʻzini darrov ichkari oldi. Bahriddin unga salom berishga ham ulgurmadi.

Hovlida ish boshlangani uchun Robiya joyni ichkari uyga qilgan edi. Kirib, fotiha oʻqishgach, oʻgʻlini yana bir borquchib oʻpdi.

-Yoʻlda qiynalmadingmi? - deb yana soʻradi.

Bu savolga yoʻl-yoʻlakay ikki marta javob bergani uchun Bahriddin oʻz savolini soʻradi:

-Oyi, devor urilyaptimi?

-Ha oʻgʻlim, sen borib kelguningcha shunaqa ishlar boʻlib ketdi, - dedi Robiya afsus bilan.

-Bizqilyapmizmi?

-Nega unaqa deysan? Bizga shu zarilmi?

-Unda... amakimmi? Nega indamadinglar?

-Bizning indaganimizdan foyda bormi? Balki shunday boʻlgani ham durustdir. Sen...

-Aralashma, demoqchimisiz?

-Yoʻq, unaqa demoqchimasman. Sen bu narsalarga e’tibor bermay qoʻya qol. Kattalar ba’zan shunaqa oʻylamasdan ish qilib qoʻyishadi. Senam, akang, ukang ham buni koʻringlaru lekin... oʻrganmanglar.

-Oyi, amakim bilan kennoyimga sovgʻa olib keluvdim. Nima qilay?

-Nima qilarding? Hozir chiqib kennaying bilan soʻrashgin, sovgʻangni bergin.

-Qanday chiqaman? Gaplashmayotgan boʻlsalaringiz...

-Nega gaplashmaymiz? Gaplashamiz, - dedi Robiya uning boshini mehr bilan silab. - Urishganimiz yoʻq. Urishib yuzkoʻrmas boʻlib ketmaslik uchun ham shu devor boʻlgani durustmikin, deyapmanda...

Shunday deyishga dedi-yu, oʻzining gapiga oʻzi ham ishonmasdan xoʻrsindi. Ichida toʻplanib yotgan dardning yigʻi boʻlib tashqariga otilib chiqmasligi uchun oʻzini tutdi. Yigʻlashi shart ham emasdi. Onasining shu xoʻrsinishiyoq ziyrak oʻgʻil uchun kifoya qildi. Amakisini ham kennoyisini ham koʻrgisi kelmadi. Biroq, onasining zoʻri bilan chiqib, salomlashib keldi.

Kechki payt oila dasturxon atrofida jamul jam boʻldi. Robiya qaynisi bilan ovsinini ham taklif qildi. Biroq taklifga u tomondan lutf boʻlmadi. Salohiddin ovqatdan keyin yana uzr soʻrab ketdi. Bahriddin safar taassurotlarini gapirayotganda Toʻlqin ham, Robiya ham dardlarini bir oz unutdilar. Bahriddin olib kelgan videotasmani ikki marta tomosha qildilar.

Tun hukmiga hamma itoat etsa-da, Bahriddin boʻysunmadi. Tashqariga chiqdi. Ikki qarich balandlikka koʻtarilgan devor ustiga oʻtirdi. Qalbiga ma’yus bir kuy oqib kira boshladi.

Bir tom ostidagi ikki xonadon orasidan ola mushuk oʻtganini u ham sezib yurardi. Ammo bunaqa oqibatga olib kelishini oʻylamagandi. U hovlini boʻlib olgan aka-ukalar haqida eshitardi. Lekin bu balo chaqinining shu hovliga kirib kelishini hazm qila olmasdi. Uning nazarida hovlini boʻlib oluvchi aka-ukalar oʻqimagan, ongsiz, johil kimsalar edi. Adasi va amakisi oʻqigan, tushungan odamlar boʻla turib nahot bunchalik pastkashlikka borishdi? Bahriddin shunisiga hayron edi.

Bu yerda qancha oʻtirganini bilmaydi. Ma’yus kuyga monand bir necha satrlar xayoliga quyila boshlagach, oʻrnidan turib xonasiga kirdi-da, qoʻliga qogʻoz qalam oldi.

Uning shoshilib yozgan satrlarini ertalab Robiya oʻqidi:

Bu satrlarning oxirini oʻqiyotganda Robiyaning kipriklari quyilib kelayotgan yoshlarni toʻsib qolomadi. Ikki tomchi yosh qogʻoz ustiga yumaladi. Robiya oʻgʻlini uygʻotib yubormaslik uchun qogʻozni joyiga qoʻydi-da, asta-asta yurib xonadan chiqdi.

Milliy konservatoriyada Bahriddinni qutlash marosimiga borgan Toʻlqin ham, Robiya ham quvonchning yettinchi osmonida suzardilar. Marosimdan chiqishgach, hammalari ham homush tortganday boʻldilar. Hatto Nuriddinning ham uyga borgisi yoʻq edi. Toʻlqin buni sezib, biron holiroq joyda ovqatlanishni taklif qildi. Anhor sohilidagi soʻlim oshxonada oila shiringina davra qurdi. Boshlari ustida suzib yurgan tashvish buluti ham qayerdadir qolib ketganday boʻldi. Bu davra oilaning oʻziga hos bayrami edi. Bu bayramga, Toʻlqinning ta’biri bilan aytganda, faqatgina Nuriddinning xoʻrozi yetishmayotgan edi.

Ular quvnab oʻtirishgan damda Obodxon tashvish tikonzori uzra yalangoyoq kezardi. Roʻparadagi uyda hech kimning yoʻqligi, hammalarining birvarakayiga koʻrinmay qolishlari uni havotirga solayotgan edi. Odatda odam “yaqinlarim biron falokatga uchramadimikin?” deb havotirlanadi. Obodxonning havotiri boshqacharoq: uning nazarida bularning barchasi devorni yoʻq qilish chorasi bilan band, hammalari qayerdadir nimanidir kavlashtirib yurishibdi. Egalari boʻlmagani uchun xoʻroz ham jim. Obodxon hatto shundan ham shubhalandi. Toʻlqin boshchiligidagi oilaning xursandchilik bilan kirib kelishi uning havotirini yanada oshirdi: “bular bekorga quvonishmaydi, bir baloni boshlab kelishgan!” Shu xulosaga kelgan Obodxon erini qiyin-qistoga olib, qovura boshladi.

Bir oz televizor koʻrishgach, uch oʻgʻil oʻz xonalariga kirib ketishdi. Nuriddin tezgina uxlab qoldi. Salohiddin bilan Bahriddinning hovli muammolaridan gaplashgisi kelmadi. Uyqulari kelmasa ham yotdilar. Bir necha soatlik oila bayramining nihoyasiga yetganidan siqilgan Toʻlqin tashqariga chiqib, zinaga oʻtirdi. Sigaret tutatdi. Xayollari uni dam bolalik, dam yoshlik koʻchalariga yetakladi. Sogʻinch ba’zan kishi ruhiga quvvat beradi, ba’zan esa temir tirnoqlari bilan yumdalab tashlay deydi. Toʻlqin hozir shunday holatda edi. U hozir bir moʻ’jiza yuz berishini, ota-onasining shu yerda paydo boʻlib qolishlarini jon-joni bilan istardi. Adasi avval uning, keyin ukasining yuzlariga shapaloq bilan ursa-da: “Bu nima qilganlaring esi yoʻqlar!” deb koyib bersa! Keyin gʻishtlarni har tomonga otib tashlasa...

Moʻ’jiza yuz bergandi...

Lekin Toʻlqin uni koʻra olmas edi.

Bu damda otasi va onasining ruhlari kirish uchun izn soʻrashga iymangan musofirday darvoza ostonasida turishardi.

Ular dam farzandlariga, dam tiklanayotgan devorning ikki tomonidagi ikki uyga ma’yus tikilardilar.

Toʻlqin uyga kirib ketgach, ular asta yura boshlashdi.

-Adasi, devor mashmashasi bilan ovora boʻlishib, farzandlarimiz bayramimizni unutishdi, - dedi Faridaning ruhi.

Bunga javoban Shavkatning ruhi afsus va nadomat bilan chuqur xoʻrsindi.

Ha, bu kun ularning xonadonida alohida bayram boʻlardi. Bu bayramni Shavkatning oʻzi joriy qilgandi. Toʻylari kuni, chimildiqda yolgʻiz qolishgach, Shavkat Faridani bagʻriga bosib, xuddi muhim bir sirni aytmoqchiday qulogʻiga shivirlagandi:

-Hech qachon yodingdan chiqarma: oʻn ikkinchi may - biz uchun bayram kuni deb e’lon qilinadi. Biz oʻtib ketsak ham farzandlarimiz, nevaralarimiz tantana qilaverishadi. Toʻy shunchaki oʻyin-kulgi bilan oʻtadigan voqea emas, bugun - oilaning tugʻilgan kuni, buni unutib boʻlmaydi...

Shavkat aytganday boʻlib kelayotgan edi. Devor qurilishi bu bayramni ham barbod qildimi?

Oʻshanda shivirlab aytilgan Shavkatning soʻzlari endi jaranglab, uy devorlariga urilib, aks-sado berganday tuyuldi. Aslida bu soʻzlar tantavor yangrashi kerak, hozir esa alamli faryod ohangida olamni titratganday boʻldi.

-Adasi, endi bunga qanday chidaymiz? Qiyomatga qadar shu azobda yuramizmi? - dedi Faridaning ruhi.

-Bilmadim... Tushunolmayapman... - dedi Shavkatning ruhi “uf” tortib. - Murakkab masalalarni yechishga yetgan aklim shunga qolganda kaltalik qilyapti. Muammoning yechimini topish uchun avval uni yuzaga keltirgan omilni aniqlashim kerak.

-Siz yechimni topguningizcha devor bitadi. Biz ikkala farzandimizdan baravariga ajraymiz. Omilni qidirmang. Omil aniq: biz bolalarimizni oʻqitib odam qilamiz, dedik. Yaxshi oʻqishlarini talab qildik, yaxshi kiyintirdik, yaxshi boqdik. Bir-biriga mehr-muruvvat qilish kerakligini singdirmagan ekanmiz.

-Sen meni ayblayapsanmi?

-Yoʻq, bu ishda ikkalamiz baravar ayblimiz. Devor urishlariga yoʻl qoʻymasligimiz kerak.

-Qanday qilib? Umidim Ibrohimdan edi. Ajrim qila olmadi. Mening qoʻlimdan nima kelardi?! Imkonim boʻlsa bu la’nati gʻishtlarni mana bunday-mana bunday qilib otib tashlardim.

Bu onda ikkinchi moʻ’jiza yuz berdi: Shavkat ushlagan gʻisht oʻrnidan koʻchdi. Bundan Shavkat ham Farida ham choʻchib tushishdi. Keyin Shavkat yana bir gʻishtga koʻl uzatdi.

Bu hovliga devor qurilishini iblis istagan, ammo Alloh iroda etmagan edi. Hozir gʻishtlar Shavkat ruhining kuchi bilan emas, yagona Kudrat egasining istagi bilan koʻchib, otilayotgan edi...

Bu tong xoʻroz qichqirmadi. Katagida hurpayganicha turaverdi. Bulut farishtasiz bu xonadonga quyosh nurining tushishini istamaganday mashriq yuzini toʻsdi. Yashin chaqnab osmonni ikkiga boʻldi. Boʻlinish sharmandaligiga chiday olmagan osmon guldirak ovozi bilan oʻkirib yeru koʻkni larzaga soldi. Keyin tunuka tomlarni qarsillatib doʻl yogʻa boshladi. Bu xonadon ahli uygʻonganida osmonning faryodi bosilgan, ammo quyosh yuzini toʻsgan qaysar bulut oʻrnidan jilay demasdi.

Odatdagiday birinchi boʻlib Robiya uygʻondi. Yuvinib oshxonaga kirayotganida sochilib yotgan gʻishtlarga ahamiyat bermagan edi. Uyga qaytayotganida koʻrib, taqqa toʻxtab qoldi. Yuragi bir qalqib tushdi. Keyin uyga shoshib kirib erini uygʻotdi-da, ayvonga boshlab chiqdi.

-Bolalar qilishmadimikin? Uygʻotaymi, oʻzingiz gaplashing.

Toʻlqin hovlidagi manzaraga ajablanib qarab turib, gardanini qashigan boʻldi. Tayinli bir xulosaga kelolmay:

-Jim turaver-chi, - debqoʻydi.

* * *

Koʻp oʻtmay Obodxon ham uygʻondi. Ayvonda turib bir kerishib olgach, rohatlanib esnadi. Tashqariga chiqdi-yu, hali uyqu toʻla tark etmagan koʻzlari katta-katta ochilib ketdi. Shoshilib iziga qaytdi-da, erini turtib uygʻotdi. Hovlidagi manzarani koʻrib Sattor ham bir zum taxtaday qotib qoldi. Keyin “Bu kimning qiligʻi?” degan ma’noda xotiniga qaradi. Obodxon javobga shay edi:

-Bu jiyanlaringizning ishi. Kechqurun anavi naychingiz ivirsib yuruvdi. Koʻnglida shumligi borligini biluvdim. Akangizga ayting, ustalarning kechagi haqini toʻlab qoʻysin. Chidolmayotgan boʻlsa, mahallaga chiqsin.

-Mahallani aralashtirma. Gap koʻpaymasin, - dedi Sattor.

* * *

Robiya nonushta tayyorlagach, oila yana jam boʻldi. Bolalar ham hovlidagi manzarani koʻrishib ajablanishgan, lekin bu haqda gap ochishni lozim koʻrmay indamaygina choy ichishardi. Bunaqa jimlikdan Robiyaning yuragi tars yorilib ketay dedi. Eriga bir-ikki qaragan edi, Toʻlqin “gapirma” degan ma’noda ishora qildi. Gapirmaslikning esa iloji yoʻq edi.

-Bahriddin, buguncha dam olasanmi?

Kecha oqshomda ham “ertaga uyda boʻlasanmi?” deb soʻragan edi. Shu sababli Bahriddin onasiga ajablanib qaradi, lekin “kecha aytduvdim-ku!” deb koʻrslik qilmay, javobini takrorladi:

-Vazirlikka borishim kerak, chaqirtirishgan.

Yana jimlik choʻkdi. Robiya endi kenjatoyiga qaradi:

-Nuriddin, gʻishtlarni koʻrdingmi, kim bunaqa qildiykin?

Nuriddin bu savol ostida “sen qildingmi?” degan ma’no yotganini anglab, najot koʻzi bilan adasiga qaradi. Toʻlqin norozi qiyofada bosh chayqab qoʻydi. Robiya buni sezmaganday oʻgʻlidan javob kutdi.

-Oyi, Nuriddin bilmaydi, - dedi Salohiddin gapga aralashib. - Kechasi qotib uxlagan. Bizdan ham gumonsiramang, biz ham tegmadik bu gʻishtlarga. Agar “oʻgʻillarim shunaqa ahmoq boʻlib qolishgan”, deb oʻylasangiz, yana oʻzingiz bilasiz.

Oʻgʻlining keyingi gapi Robiyani mulzam qildi:

-Voy tavba, gapingni qara! Senlarga bir nima deganim yoʻq-ku?

-Demasang ham koʻzlaring aytib turibdi, - dedi Toʻlqin.

-Men bilaman, - deb yubordi birdan Nuriddin. - Oftob opam qilganlar. Oʻtgan kuni kennayimga baqirdilar. “Agar devor qursanglar oʻzim buzib tashlayman yo oʻzimni osaman”, dedilar.

-Tavba, tavba-ya! Gapirma bunaqa gaplarni!-dedi Robiya.

-Bunaqa ish Oftobning qoʻlidan kelmaydi, - dedi Salohiddin.

-Nima boʻlganda ham amakim bizlardan koʻradilar. Lekin biz qilmaganmiz, - dedi Bahriddin.

-Shunaqa-yu... lekin ularni bunga ishontirib boʻlarmikin?

-Sen ishontirishga harakat ham qilma, - dedi Toʻlqin. - Indamay oʻtiraver.

-Sizga shunday deyish oson. Hozir hammangiz ketasizlar. Baloga men qolaman.

-Gapirsa ham sen “bilmayman” deginu boshqa indama...

“indama... indama... endi bu dunyodan indamaygina oʻtib ketaman shekilli...”

Robiya xayoliga kelgan bu gapni tiliga chiqarmadi, eriga e’tiroz bildirmadi.

Ayni damda narigi ayvonda ham nonushta qilishayotgan edi. Salohiddin bilan Bahriddinni kuzatib chiqqan Robiyaga koʻzi tushgan Obodxon beixtiyor qizlariga qaradi: ikkovining aka-ukaga tikilib turganini koʻrib gʻashlandi-da, zardali ohangda:

-Oftob, bugun maktabga bormaysan, - dedi. - Men bozorga chiqishim kerak. Ustalarga sen ovqat qilib berasan.

-Bormasam ustozdan gap eshitaman.

-Ustozing gapiraveradi. Koshki shu maktabda oʻqiganlardan biron tuzukroq odam chiqsa.

-Oʻqishiga boraversin, ustalarga oʻzim qarayman, - dedi Sattor.

-Siz mijozlarga mol olib borib berasiz. Xitoyga qatnaydiganlar bilan qachon gaplashasiz? Bugun-erta deb yurguningizcha ular ming marta borib-kelishadi.

-Ayb mendami? Pulga qarab turuvdik-ku?

-Bahona topib oʻtiravering... -Shunday deb choy hoʻplaomqchi boʻlgan Obodxon birdan qalqib ketdi:-Hay, turing, turing, deyapman!

-Nima boʻldi, nega vahima qilasan? - dedi Sattor.

-Tura qoling, akangiz ketmoqchi. Shartta-shartta gapiring. Yo xotin boshim bilan men aralashaymi?

-Sen jim tur, - Sattor shunday deb ayvon derazasini ochdi:-Aka, bu yogʻi qiziq boʻldi-ku?

Bu gapdan keyin Oftobxon jahl bilan shart oʻrnidan turdi-da, xonasiga kirib ketdi.

Darvozaga yetib qolgan Toʻlqin ukasining ovozini eshitib, toʻxtadi. Salom-aliksiz shunday savol berilishi uning jahlini qoʻzgʻadi. Lekin tushunmaganday ukasiga qarab turaverdi.

-Gʻishtlarni aytyapman, - deb izoh berdi Sattor.

-Gʻishtlarga nima boʻlibdi? - dedi Toʻlqin hanuz hech nimaga tushunmayotganday.

-Har bitta gʻishtni usta pulga teradi. Oʻgʻillaringizga shuni aytib qoʻying.

-Shunaqami? Mening oʻgʻillarim, ukam, sen oʻylaganchalik ahmoq emas. Ular bunaqa ish qilishmaydi.

-Unda kim? Siz bunaqa jinoyatlarni ochishga ja-a ustasiz-ku?

-Ha, ustaman. Ariza ber, tekshirib, aniqlaymiz.

-Maynavozchiligingizni yigʻishtiring. Mayli, ustaning pulini bermang, lekin nomardligingizni tan oling, ha!

Toʻlqin ukasiga gʻazab bilan tikildi-yu, ammo bitta gapdan qolishga oʻzida kuch topdi.

* * *

Kun oʻtdi. Kech kirdi. Tun yana oʻz hukmini oʻtkazishga kirishdi.

Hamma uyquga ketgan onda bezovta ruhlar yana paydo boʻldilar.

Keyin kunduzi ustalar qayta terib ketgan gʻishtlar turli tomonlarga uloqtirildi...

Tongda esa...

Kechagiday ajablanish boʻlmadi. Gumon ham yoʻq edi. Ajablanish va gumon oʻrnini gʻazab egalladi. Obodxon Sattorni qayrab oʻtirmay gʻalvani oʻzi boshlab qoʻya qoldi. Robiya unga bas kela olmadi. Obodxon Toʻlqinga ham gap bermadi. Gʻazab otashida yonayotganlar soʻnggi choraga rizo boʻlayotgan Oftobxonning deraza ortidan ma’yus qarab turgannini sezishmadi.

Ustalar kelib, ajablanib qarab turishdi-da, yana ish boshlashdi.

Kun oʻtib yana kech kirdi. Yana tun hammayoqni gʻaflat chodiriga oʻradi.

Yana bezovta ruhlar paydo boʻldilar. Bu onda uydan gʻam iskanjasidagi Oftobxon chiqib, ular toʻxtab qoldilar. Oftobxon asta-asta bosib kelib devorga yaqinlashdi. Beixtiyor ravishda ikki gʻishtni koʻchirib tashladi. Bir oz harakatsiz turgach, qoʻyxona tomon yurdi. Uning muddaosini sezgan ruhlar yoʻlini toʻsmoqchi boʻlishdi. Oftobxon devordagi mixqoziqda iligʻliq turgan arqonniqoʻliga oldi.

Bu onda Sattor vahimali tush ta’sirida toʻlgʻonayotgan edi. Bir qarasa, devor bitganmish. Biroq... devor ostida adasi bilan oyisi yotishganmish.

-Sen devorni koʻkragimiz ustidan qurdirding. Ezilib ketyapmiz, - deb ingrarmish oyisi.

-Bunaqada oyingni oʻldirib qoʻyasan, - dermish adasi.

Satttor jonholatda devorni buzayotganmish.

-Bu devoringning narxi qancha, qanchaga tushdi? - dermish onasi.

-Gʻishtga ketgan pul bilan ustaga... - Sattor hisoblab bermoqchi boʻlganida adasi eshitgisi ham kelmasmish.

-Devoringning narxi juda baland. Sen uni akangdan tiriklayin ajralish hisobiga qurdiryapsan. Endi buning yoniga qizingning joni ham qoʻshilyapti. Gʻaflat bosmay, tur, oʻrningdan!

Shunday deb adasi bilan oyisi koʻzdan yoʻqoldi. Ammo bir qora sharpa kelib uni boʻgʻa boshladi...

Bosinqirab baqirayotgan Sattorni Obodxon turtib uygʻotdi.

-Esxonamni chiqarib yubordingiz-a, shunaqayam baqiradimi odam degan. Yonboshlab yoting.

Sattor yonboshiga agʻdarilmay qaddini koʻtarib, oʻtirdi. Hozir koʻrgan tushi ta’sirida boshi garang boʻldi. Teskari oʻgirilib yotib olgan Obodxonni turtib:

-Qizingqani? - deb soʻradi.

-Qaysi biri? - dedi Obodxon uyqusiragan holda.

-Kattasi...

-Uyda uxlayapti, goʻrda boʻlarmidi?

-Nafasing oʻchsin, tur, qara, - Sattor shunday deb uni qattiq turtdi. Obodxon “voyey” deb qoʻydi-yu, turgisi kelmadi. Bundan achchiklangan Sattor endi tizzasi bilan turtgach, erinibgina oʻrnidan turib, qunishganicha ayvonga chiqdi-da, qizlar yotadigan xonaning eshigini ochdi. Sattor beixtiyor unga ergashdi.

Oftobxonning oʻrni ochilmagan, bu uning oʻringa yotmaganidan dalolat edi. Hammadan oldin xonasiga kirib ketgan qiz qayerda boʻlishi mumkin? Er-xotin shunday savol nazari bilan bir-birlariga qarab qolishdi. Shu payt osmon qarsillab mayda-mayda boʻlakchalarga ajralib ketganday tuyuldi. Oftobxonning “agar shu devorni qursangiz oʻzimni osaman!” degan alamli gapi osmonu yerni larzaga solib jaranglaganday boʻldi. Sattor oʻzi ham bilmagan holda “Oftob, qizim!” deb baqirib yubordi-da, hovliga otildi. Gap nimada ekanini anglab yetmagan Obodxon havotir bilan unga ergashdi.

Katakdagi xoʻroz bezovtalanib ququlab qoʻydi. Atrofga olazarak boqib qizini izlayotgan Sattorga bu bir ishoraday tuyulib qoʻyxona tomon qaradi. Bu onda boʻyniga sirtmoq ilgan Oftobxon harakatini tezlatdi - oyogʻi ostidagi kursini tepib yubordi. Koʻyxonada nimaningdir taraklaganini eshitgan Sattor shu tomon yugurdi. Osilib turgan qizini koʻrdi-yu, uniquchoklab baland koʻtardi.

-Pichoq olib kel, tez boʻl!-deb baqirdi.

-Voydod, qizimdan ayrilib qoldim!-deb faryod qildi Obodxon.

-Pichoq olib kel, deyapman!-deb baqirdi Sattor gʻazab bilan.

Bu shovqinni eshitgan Toʻlqin, uning izidan Robiya hovliga yugurib chiqdilar. Sarosimada qolgan Obodxon pichoqning qayerda turishini ham unutib, paypaslanib yurardi. Robiya oshxonadan pichoq olib eriga uzatdi. Toʻlqin shoshilganicha arqonni kesdi. Oftobxon otasining koʻlida behush yotardi. Obodxon tinmay dod solardi. Toʻlqin qizning boʻyin tomiriga barmogʻini qoʻydi-da, ungaqarab baqirdi:

-Qizingiz tirik, dodlamang!-Shunday deb Oftobxonning yuziga asta-asta urib qoʻydi:-Oftobxon, ona qizim, koʻzingni och.

Robiya kosada suv olib chiqib qizning yuziga sepdi. Oftobxon seskandi, keyin koʻzini ochdi. Otasiga qarab turdi-da, xoʻngrab yuborib, xuddi kichkina qizaloq kabi uni quchoqlab oldi. Qoʻrquvdan bir oz holi boʻlgan Sattorning koʻzlari ham yoshlandi. Qizini yerga koʻymay, koʻtarganicha uyiga qarab yurdi.

Toʻlqin bilan Robiya ularning izidan borishni ham, bormaslikni ham bilmay bir oz turdilar. Keyin noiloj holda ergashdilar.

Sattor qizini xonasiga emas, oʻzining yotogʻiga olib kirib yotqizib ayvonga chiqdi. Robiya darrov choy qoʻydi. Obodxon qizi yonida yigʻlab oʻtiraverdi. Erining “boʻldi qil!” deb tergashi ham ta’sir qilmadi. Oftobxon koʻzlarini bir nuqtaga qadab yotaverdi. “Xudo mening oʻlishimni istamadi. Dunyoda qiynalib, ezilib yashashimni xohladi...” degan fikr uni tark etmadi.

Sattor ham, Toʻlqin ham ayvonda jimgina oʻtirardilar. Ikkovi ham qizning bu ishiga nima sabab boʻlganini bilolmay hayron edilar. Toʻgʻrirogʻi, aynan oʻrtadagi devor sabab ekanini tan olgilari kelmasdi.

Robiya choy damlab, ichkari kirdi. Shirinchoy qilib Oftobxonga ichirmoqchi boʻldi. Oftobxon avvaliga labini qimtib ichishni istamadi. Robiya “Jon ona qizim, icha qol, yengillashasan”, deyavergach noiloj ikki qultum ichdi.

Aka-ukaning sukut holatida oʻtirishi ancha choʻzildi. Toʻlqin bu yerda oʻtirishga hojat yoʻqligini bilib, oʻrnidan turdi.

-Sattor, bu gap koʻchaga chiqmasin, qiz bolaning nomiga isnod boʻladi, - dedi ukasining yelkasiga qoʻlini qoʻyib. Keyin qizlarning xonasi tomon imladi:- ular ham bilishmasin.

Sattor tobelik bilan bosh irgʻab “ma’qul” ishorasini qildi.

Ularning bu holatini kuzatayotgan biron begona kimsaga “kechagina yovlashgan aka-ukalar shular”, deyilsa ishonmasligi mumkin edi.

Toʻlqin hali ayvondan chiqmay turib yana bir moʻ’jiza yuz berdi. Buni avval hovliga qarab oʻtirgan Sattor sezdi: hovlida yer silkinganday devor qimirladi. Keyin gʻishtlar sochila boshladi. Sattor beihtiyor ravishda “Astagʻfirulloh!” deb yubordi. Toʻlqin toʻxtab, hovlidagi manzaradan lol qoldi. Ichkaridagi ovsinlar ham shoshilib chiqishdi. Obodxon buni zilzila deb gumon qilib pichirlaganicha oʻtirib oldi. Bir necha soniya davom etgan bu xodisa barchalarini dahshatga solibqoʻydi.

Tunni shu dahshat chodiri ostida oʻtkazishdi.

Sirtdan qaragan kishi har ikki oila kunni odatdagiday boshlayapti, deb oʻylashi mumkin. Odatdagiday nonushta, odatdagiday ishga, oʻqishga otlanish... Kattalar tundagi voqea ta’siridan qutilishmagan. Bolalar shovqinni eshitishganu buni devor mashmashasi deb oʻylashgan. Oftobxonning oʻzini osmoqchi boʻlganidan bexabar.

Onasining qiyin-qistovi bilan Oftobxon oʻrnidan turib, birga nonushta qilgan boʻldi. Maktabga borishni oʻylamadi ham. Oynisa sinfdoshlari bilan shahar aylanamiz, deb kelishib koʻygan. Uydan “maktabga” deb chiqadiyu markaz tomon yoʻl oladi.

Oynisa ketgach, Obodxon ham otlana boshladi.

-Adasi, bugun hech yerga bormay qoʻya qoling, - deb eriga ozodlik berdi.

-Qayerga borardim, yurishga holim yoʻq. Senam uyda oʻtirsang boʻlardi.

-Birrov borib mijozlarimga uchrashmasam boʻlmaydi. Boramanu qaytaman. Qizingiz, Xudoga shukur yaxshi. Shirin-shirin gaplardan gaplashib oʻtiring.

-Hozir usta keladi, - dedi Sattor keyin devor tomon imladi. - Nima qilamiz?

-Ustangizga uch-toʻrt kun dam bera qoling. Boʻpti, ketdim.

-Menga qara, toʻxtasang-chi, muncha shoshasan? - dedi achchiqlanib Sattor.

-Voy, mijozlarim sochlarimni bittalab yulishadi. Gapingiz boʻlsa, tezroq ayting.

-Gapimmi? .. Kechasi bilan oʻylab chiqdim... Shu ishingni yigʻishtirib tursangmikin...

-Oʻylagan gapingizni qarang! Yigʻishtir, yigʻishtir, deysiz, nima men oʻzim uchun yelib yuguryapmanmi? Menga zarilmi shu? Nima qilsam bollarimga deb qilyapman! Erta-indin qizingizga sovchi keladi. Qup-quruq uzatasizmi? Men Italiyaning mebelini tayinlab qoʻyganman. Shunga pul kerakmi?

-Italiyaning mebeli boʻlmasa qizing ersiz qoladimi?

-Bilmasangiz, siz jim oʻtiravering. Agar qudalarning oldida tilimiz bir qarich uzun boʻlmasa ular qiz bechoraga kun berishmaydi.

-Senam mebelsiz keluvding, tiling baribir ikki qarich-ku?

-Adajonisi endi boʻldi qila qoling, tilimni bekorga qichitmang. Hozir adi-badi aytadigan paytmas. Vaqti kelsa sizam xasratingizni bir etakka toʻkarsiz, menam.

Obodxon shunday deb chiqib ketayotganida darvoza ostonasida usta bilan mardikorlarga duch keldi. “Akangizning gapi bor, kiraveringlar”, dedi-da, shoshilganicha joʻnab qoldi. Usta sochilib yotgan gʻishtlarni koʻrib, toʻxtab qoldi. “Yana shu ahvolmi?” degan ma’noda mardikorlar bilan koʻz urishtirib oldi. Sattor chiqib soʻrashayotganda:

-Xoʻjayin, bu yogʻi gʻalati boʻlyapti-ku? - deb soʻradi.

-Hech gʻalati joyi yoʻq, - dedi Sattor chaynalib. - Uch-toʻrt kun dam olib turasizmi yo boshqa ish olasizmi... ish haqingizni yarmini beraymi?

-Yarmini emas, hammasini beravering. Ranjimang-u, bu yerga boshqa kelmaymiz.

-Nega?

-Bu yerning xosiyati yoʻqqa oʻxshaydi.

-Bu nima deganingiz? Nega xosiyati boʻlmaydi?

-Bilmadim... ishimning sustligidan koʻnglim gʻashlanayatuvdi. Yana bu ahvol... Tushunmayapman. Imorat gʻishtini terish boshqa-yu, hovlini ikkiga boʻlib, oʻrtadan devor olish boshqa ekan.

Usta bilan hisob-kitob qilib, joʻnatgach, Sattor hovli oʻrtasida karaxt holda turib qoldi. Keyin engashib qoʻliga bir gʻisht oldi. Huddi uning tarkibini oʻrganmoqchi boʻlganday tikildi. Keyin bir chetga qoʻydi. Soʻng yana birini oldi. Shu zaylda gʻishtlarni chetga taxlay boshladi. Bir ayvonda Oftobxon adasining harakatini kuzatib turardi. Boshqa ayvonda esa Robiya bilan Nuriddin. Nuriddin onasiga yaqin kelib: “amakimga yordamlashaymi?” deb soʻradi. Qaynisining harakatlariga tushunolmayotgan Robiya oʻgʻlining boshini silab: “hozirmas, keyin”, deb qoʻydi. Oʻn beshtacha gʻishtni taxlagach, Sattorning nafasi qaytib, qaddini rostladi. Keyin uyiga kirib ketdi. Uni ayvonda qarshilagan Oftobxon “Adajon, choy damlaymi?” deb soʻradi. Sattor uning ayvondan bir qadam nariga chiqishini istamayotgandi, shu uchun “yoʻq”, deb bosh chayqadi. Oftobxon xonasiga kirib ketdi. Sattor xotini tayinlab ketganiday qizi bilan “shirin-shirin gaplarni” gaplashib oʻtira olmadi.

Divandagi yostiqqa yonboshladi. Uyqusiz tundan meros charchoq uni oʻz hukmiga oldi: mudray boshladi.

Tush koʻrdi: adasi rahmatli roʻparasida ma’yus turganmish:

-Oʻzing ham qiynalib ketding, bolam, shu zarurmidi senga? - dermish.

-Ayb menda emas, akamning qaysarliklaridan boʻldi hammasi...

-Uy talashib hech kim baraka topgan emas.

-Talashganim yoʻq. Uyni siz menga vasiyat qilgan edingiz?

-Vasiyat qilgan edingiz, deysanmi? Qachon?

-Esingizda yoʻqmi? Haligi... oxirgi kuni... xatni akamning qoʻllariga bergansiz. Akam u vasiyatnomani atay yoʻq qilib yuborganlar. Tagʻin ham men indamay kelyapman.

-Adashibsan, oʻgʻlim. Toʻgʻri, u vasiyatnoma edi. Ammo sen aytgan ma’noda emas.

-Qanaqa ma’noda?

-Oʻqisang bilasan.

-Qanaqasiga oʻqiyman? Akam yoʻqotib tashlaganlar.

-Akangni ayblama, yoʻqotmagan... Akang xatni koʻlimdan olgan paytda menga gʻargʻara kelib, shoshib qoldi. Esla: sen suvga chiqqan eding. Akang xatni yostigʻim yoniga qoʻyganida sen kirding. Bu xatni keyin gʻassol javon ustiga olib qoʻygan edi. Men ikkovingning qoʻllaringda jon berdim. Shuning oʻzi ahil yashashlaringga berilgan ishora edi. Senlar buni fahmlamadilaring. Akang xatni unutdi. Sen unutmading. Gumon bilan yuraverding. Xat hali ham oʻz uyingda, javonning orqasiga tushib ketgan...

Shunday degach adasi oppoq bulutga aylanib uchib ketganmish...

Biqiniga nimadir botib, Sattor koʻzini ochdi. Qaddini koʻtarib qaradi. Qizchasining oʻyinchogʻi qolib ketgan ekan. Hozirgi koʻrgan tushidan ajablanib oʻtirdi. Keyin turib qizining xonasiga qaradi. Oftobxon karavotida harakatsiz oʻtirardi. Eshik ochilganini sezmadi ham. Sattor sharpa chiqarmay iziga qaytdi. Hovliga koʻzi tushdi. Hali boshlagan ishini Nuriddin davom ettirayottganini koʻrib gʻashlandi “Qoʻy, hoy bola!” deb baqirmoqchi boʻldi. Lekin ovoz berishga ham holi yoʻqday tuyuldi. Yotogʻiga kirdi-da, javonni endi koʻrayotganday sinchiklab qaradi.

Ayrim ayollar uydagi anjomlar joyini yilda bir oʻzgartirib turmasa siqilib ketveradi. Obodxonda bunaqa fazilat yoʻq. Kelin boʻlib tushganida javon shu yerga qoʻyilganicha joyidan jildirilgan emas.

Shavkat ogʻirlashib qolganida Toʻlqin “yolgʻiz yotmasinlar” deb uni oʻzining uyiga koʻchirgan edi. Oradan bir oy oʻtib Obodxon “adangizni akangizning uyidan olib chiqaylik, mahalla gap-soʻz qilyapti. Ertaga oʻtsalar, “kichik oʻgʻli qaramagan, degan malomatga qolasiz”, deb xarxasha qila boshladi. Sattorga xotinining bu mehribonligi ma’qul kelib, akasi bilan maslahatlashdi. Toʻlqin otasini jildirib, bezovta qilgisi kelmasa-da, rozi boʻldi. Rozi boʻldi-yu, Robiyadan: “Endi mahalla nima deydi? Otasiga qaray olmasdan ukasinikiga chiqarib tashlabdi, degan isnodda yuramizmi?”-degan gapni eshitib, pushaymon boʻldi. Bu xarxashani boshlagan Obodxon ham pushaymon edi. Aslida uning mehribonchiligi pardasi ortida yagona merosxoʻrlik da’vosi yashiringan edi. Uy mojarosi chiqqanda “ota-onaga kenjasi qaragan” degan gapdan umidvor edi. Bir hushdan ketib, bir oʻziga kelib yotgan qaynotasi uning moʻljalicha bir haftaga qolmay uzilishi kerak edi. Pushaymoni shundaki, bemor shu ahvolida yana toʻrt oy yashadi.

Sattor bu gaplardan bexabar edi.

Adasi tamshangan paytda labini hoʻllash uchun piyolada suv yoʻq ekan, tashqariga chiqqan edi.

Akasining qoʻlida xat koʻrgani esida.

Adasi tildan qolgan edi. Labini hoʻlladilar. Keyin...

Xatni qayerga qoʻygani yodida yoʻq.

Nahot hozir tushida koʻrgani rost boʻlsa?

Sattor javonning orqasiga qarashga urindi. Hech nima koʻrolmadi. Keyin javonni siljitmoqchi boʻldi. Kuchi yetmadi. Bir oz nafas rostladi-da, jahd bilan ishga kirishdi. Ancha urinishdan keyin javon salgina siljidi. Shunda javon bilan devor oraligʻida oq narsaga koʻzi tushib yanada jahd bilan urindi. Nihoyat qoʻl sigʻadigan darajada siljitgach, chang bosib, rangini yoʻqotayozgan oq xaltjildni oldi. Yelimi qurib ketgani uchun darrov ochildi. Ichidan olgan qogʻozdagi adasining dastxatini tanib koʻz oldi qorongʻilashdi. Devorga suyanib qoldi. Bir oz oʻziga kelgach, oʻqiy boshladi:

“Ota vafot etib, ikki oʻgʻliga bir qopgina bugʻdoy meros qolibdi. Aka-uka bu merosni teng ikkiga boʻlishibdi. Kechqurun kenja oʻgʻilning uyqusi qochib, oʻylanibdi:”teppa-teng boʻlishganimiz insofdan emas. Akamning oilasi bor. Roʻzgʻor tebratishiga yarim qop bugʻdoy yetmaydi-ku? Men yolgʻizman, qornimni bir amallab toʻygʻazib olarman”. Shunday deb u oʻrnidan

turibdi-yu, tashqariga chiqib, oʻzining ulushidan akasining qopiga solib qoʻyibdi. Oʻsha kecha akaning ham uyqusi qochibdi. U ham oʻylabdi: “Men noinsoflik qildim. Ukam hali uylanishi kerak, oʻzini tutib olishi lozim. Mening bollarimga Xudoning oʻzi rizq berar”, degan qarorda chiqib oʻzining bugʻdoyidan ukasining qopiga solib qoʻyibdi. Bu hol har kecha takrorlanaveribdi. Kun oʻtaverarmishu bugʻdoy sira kamaymasmish. Bu moʻ’jizadan ajablangan aka-ukalar donishmandga borib, undan buning sababini soʻragan ekanlar, donishmand “toʻgʻrisini aytinglar, nima qilardinglar?”debdi. Ular qilgan ishlarini yashirmay aytishibdi. Shunda donishmand: “xonadoningizdagi barakaning sababi - bir-birlaringizga boʻlgan mehr-muruvvatda”, degan ekan.

Bolalarim, men sizlarga katta boylik qoldirmayapman. Aqlim yetganicha toʻplaganim -ilm qoldiryapman. Unga xiyonat qilmang. Yana oʻqiganingiz shu rivoyatni ham ikkovingiz meros oʻrnida qabul qiling. Qissadan hissa chiqarish har biringizning zehningizga bogʻliq...”

Sattorning oyoqlari titray boshladi. Devorga suyanganicha holsizlanib oʻtirdi. Xatni yana bir marta oʻqidi...

Yotoqda havo yetishmay ayvonga chiqdi. Shu payt tashqarida Robiyaning ovozi keldi:

-Nuriddin, qayerdasan, bolam, nima qilyapsan?

-Gʻisht taxlayapman, oyi...

-Sen tegmagin, bolam, ular juda ogʻir, oyogʻingga tushib ketadi.

-Ogʻirmas, oyi...

Ona-bolaning gaplarini eshitib Sattorning yuragi hapriqib ketdi. Nazarida gapirayotgan Robiya emas, oʻzining onasi edi. Javob berayotgan jiyani Nuriddin emas, balki oʻzi edi. Necha yillar avval uy qurilayotganida onasi shunday chaqirgan edi:

-Sattorjon, bolam. Nima qilyapsan?

-Gʻisht tashiyapman oyijon.

-Sen tashimagin bolam, ogʻir-ku?

-Ogʻirmas, men katta bolaman-ku, ana, akam ham tashiyaptilar...

Sattorning koʻzlari yoshlanib deraza yoniga keldi. Nuriddin oʻgirilib, amakisini koʻrdi-yu, “urishib bermasmikinlar” degan havotirda unga qarab qoldi. Sattor unga qarab ma’yusgina jilmaydi. Nuriddin unga javoban quvonch bilan kulib qoʻydi-da, ishini davom ettirdi.

Mijozlariga tezgina uchrashib keladigan Obodxondan peshinda ham darak boʻlmadi. Oftobxon ovqat isitdi. Ota-bola tamaddi qildilar. Bu orada avval Bahriddin keyin Oynisa ham kelishdi. Oftobxon bilan Oynisa imtixonga tayyorlanish bahonasida xonasiga kirib ketgach, Sattor ham bir pas dam olish istagiga yotogʻiga kirdi.

Imtixonga tayyorlashi lozim boʻlgan kitoblar ochilmadi ham. Bir-biriga sirdosh boʻla olmagan opa-singilning gaplari bir-biriga qovushmadi. Oftobxon siqilib, ayvonga chiqdi. Shu payt Bahriddinning xonasidan ajib bir kuy taraldi. Oftobxon berilib tingladi. Kuy uni sehrladi. Oʻrnidan turib hovliga chiqdi. Bir oz ikkilanib turdi-da, amakisining uyi tomon yurdi. Qizning harakatlarini kuzatib turgan Robiya uni ayvonda quchoq ochib kutib oldi. Oʻtirishga taklif qilgan edi, Oftobxon unamadi.

-Yangi kuymi? - deb soʻradi.

-Yangi, - dedi Robiya.

Bu onda kuy tinib, ichkaridan Bahriddinning hirgoyisi eshitildi:

Hirgoyi tugab, yana nayning nolasi eshitildi. Robiya bilan Oftobxon bir-birlariga qaradilar. Ikkovlarining koʻzlaridan yosh oqayotgan edi.

Badiiy adabiyotdagi an’anaga xilof ish tutib bayonimizni shunday toʻxtatamiz, qahramonlarimizning keyingi takdirlaridan sizlarni ogoh qilmaymiz. Bu yumushni, ya’nikim, asarning xulosasini oʻzingizga havola etamiz. Aka-uka yuzkoʻrmas boʻlib ketadimi yo Oftobxonning harakati tufayli koʻzlari ochiladimi, oʻzingiz hal qiling. Ehtimol devorning qurib bitkazilgani durustdir. Ehtimol Bahriddin tez kunlarda shuhratli san’atkorlar qatoriga kirib, badavlat boʻlib, alohida uy qurib chiqib ketar? Ehtimol insofga kirmay, iblis yetagida yuruvchi Obodxonning umri xorlik bilan tugar? Har holda biz bunday yakunni istamas edik. Alloh barcha bandalariga hidoyat bersin va umrning xorlik bilan tugashidan asrasin.

Aziz va muhtaram kitobxon, bu bayon sizga biron yangilik bermagan boʻlishi ham mumkin. Chunki bu kabi voqealarni, hatto bundan battar voqealarni hayotda uchratib turamiz.

Oʻylaymiz:

Bu dunyoda yonma-yon yashashni xohlamagan aka-ukalar, opa-singillar doʻzaxda qovushmoqlikni istaydilarmi? Qarindoshlik rishtalarini uzganliklari uchun doʻzax otashlari kutayotganini sezmaydilarmi? Bir-birlarining issiq yuzlarini koʻrmoqdan hazar qilganlar bir-birlarining doʻzax olovida kuyib faryod chekayotganlarini tomosha qilgilari keladimi?

Alloh! Alloh!

Ularga hidoyat ber.

Vassalom!

Allohning marhamati ila siz bilan gʻoyibona suhbat qurdik, Oʻziga shukr. Xatolarimiz uchun tavbalar qilamiz, siz azizlar ham kechiring. Tangri taoloning yana xayrli fikrlar berishidan umidvormiz. Yangi asar bahonasida uchrasharmiz, insha Alloh. Assalomu alaykum va rohmatulillahi va barakatuh.