OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Tohir Malik. Ikki afandi (hajviya)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiIkki afandi (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/05
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ikki afandi (hajviya)
Tohir Malik

Hoy, bola, sen kecha choyxonamizga kimlarni boshlab kelding? «Bunlar yozgʻuvchi oshnalarim, hatto hajv ham yozurlar dedingmi? Men hajvchi deganda Julqunboy togʻamni tanir erdim. Ularing gʻalat-ku? Poyma-poy gaplaridan, hingir-hingir kulishlaridan oyogʻimning qitiqi keldi-da, omma lokigin, saning hurmatingni qilub indamadim. Uchta gaznit berib erdilar, uyga borib Harxasha xolangga oʻqutib, oʻzum eshitdum.Bitta hajvini oʻqub tugatgach, Harxasha xolang «agar siz ham shunaqa hajvchi boʻlsangiz, javobimni bering, bunaqa valaki-salangga xotun boʻlishdan isnod qilaman», degach, oʻqushini bas qildirdum. Kecha oʻsha yozgʻuvchi oshnalaringga meni»hamkasbingiz» deb tanishtirganingda chorak qop semirgan erdim. Keyin bilsam, meni masxara qilgʻon erkonsan.Kechasi uxlamay, senga, yana oʻsha yozgʻuvchi oshnalaringga bir gap aytmasam boʻlmas degan ahdga keldum. Malol olsang ham aytaman. Eshitgin-u oshnalaringga yetkaz. Xohlasang, gaznitgʻa ham ber. Puli oʻzingga.Faqat aytganlarimni toʻgʻri koʻchir, toki, gaplarimni oʻqigʻan oʻqigʻuvchi hajviyot bobinda nochorligʻimni yuzimgʻa solmay, malomat toshlarini otmasunlar. Shunga rizo boʻlsang, boshladuk. Qani, olgʻa, bu maydonda kimlar jang qilmagʻanlar, bizlar ham hajviyot yoʻlida shaxid boʻlsak boʻlibmiz-da. Labbay?

Hay-hay-hay! Ismu nasablarindan aylanayin: Ehtimol birlari - Dodaxoʻjamikinlar, yana birlari kimsan - Abonosirning shaxsan oʻzlari deymanov. Hay-hay, akang qaragʻay, larzon-larzon yurishlarindan oʻrgilibla ketayin. Bunlarning hajviyot olamidagi kamolotlari zab bir hilda boʻlsa-da, shaklu shamoyillari oʻzga va yana oʻzgachadur. Birlari burunlarining ostigʻa soch qoʻygʻandurlarkim, uni qiyinchilik bilan boʻlsa-da, ul zoti muborakning hurmatlari yuzasindin «moʻylab» atamoq ham mumkindir. Ta’kid joizkim, mazkur «moʻylab» otligʻ tuklargʻa ikki mas’ul vazifa yuklangʻondir. Ya’nikim, erkak sanalmish ul zotgʻa husn berib turmogʻi va yanakim, shoʻrpo ichular damda har biri Olovuddinning gʻorini eslatgʻuvchi burun kataklarini ixota qilmoqluk. Jagʻdagi soqollargʻa vazifa yuklanmagʻondur, sababkim, bu nodon soqollar har kishiniki kabi tashqarigʻa oʻsmay, bilaks, ichiga qarab oʻsadirkim, Nordon kampirning koʻzoynaklarisiz ularni ilgʻash mumkin emasdir. Yana shulkim, hurmatlu zotning muborak qomatlarigʻa koʻz tushmish har bir nomahram «Bu kishi alpinistmikanlar» deb oʻylamogʻi tayindur. Farq ulki, alpinistlarning qopchiq-xaltalari orqada boʻlgʻay, bu zotniki esa oldindadir va oʻzbak lisoninda «qorin» deb sharaflanur. Yana bir burodarimizni tanib olmoq va uzoq vaqt eslab yurmoqlik uchun muborak boshlarigʻa nazar tashlashlik kifoyadur. Xoin boʻlmish sochlar boshni tark etqonlarigʻa koʻp yillar boʻlgʻonkim, hisobini oʻzlari bilgʻaylar. Ajabkim, qochub qutulishgʻa ulgurolmay qolgʻon orqadagʻi sochlarni oʻsturib oldinni berkitish uslubi keyinchalik ish bermay qolgʻoni tufayli, «Harna foyda-da», degan mulohaza ila bosh pashshalargʻa ijaragʻa berilmish erdi. Pashshadrom qurmoqgʻa azmu qaror qilgʻon pashshalargʻa bu yumushni amalgʻa oshirmoq mumkin boʻlmadi. Sababki, bosh gʻoyat silliq boʻlganidan va sirpanish onida ushlab, jon saqlargʻa loyiq biron moʻy qolmagʻanidan koʻp pashshalarning oyoqlari sinibdur va Moshtabibning tashvishlarigʻa tashvish qoʻshilibdur. Shundaykim, bu bosh ayni damlarda boʻshkim, ehtimol, qoʻngʻizlargʻa ijaragʻa berilur boʻlsa, ular bir nima qilarlar. Bu aziz burodarimizgʻa soch xiyonat qilgʻon esa-da, soqol gʻoyat sodiqdur. Yuzning chiqmaydurgʻon yerlarini ham egallab olgʻondur. Soqol jonivor har ikki soatda qirtishlanur va har ikki soatda «assalomu alaykum» deb chiqib turur. Agarchi qirtishlanmasa, ikki fojiali hol yuz berur: birlamchi - bu «yuz» deb atalmish maydonda ogʻiz, burun, koʻz va qosh boʻlgan yoxud boʻlmagʻonligʻini aniqlash mushkul boʻlur, ikkilamchi va eng muhimi Dodaxoʻja rais afandilari bilan oʻpishib koʻrishar chogʻlarida u zotning qitiqlarini keltirib qoʻymoqlari ehtimoli bor.

Burodarlarimizning yurishlarigʻa koʻpda e’tibor berilmasun, zotankim, qadam tashlashlari zalvorli boʻlmasa-da, mayda ham emas, raqqos yigitlarnikidan sal nariroq, chapani yigitlarnikidan sal beriroqdur.

Kasblari ham birdir - qalamkashdirlar (Zinhor «qalamqosh» bilan adashtirilmasun). oʻzlarining «afandi» jamoalari boʻlgʻanligʻindan firqalardin naridirlar. Yemoqlari yogʻliq qoʻy goʻshtidin palovxontoʻradir, ammo tashlashlari oshiq emasdir. Agar sizni uchratib, «palov pishirishning ustasi bizdirmiz», desalar, inonib. ishtaha saqlamangizkim, ular damlagan palovdan shavla ham uyalib yuz koʻrmas boʻlib ketadir. Dodaxoʻja afandining oshlarini oʻruslarning «Kasha s risom» degan taomlari oʻrnida, (agar tomoqdan oʻtishga qurbi yetsa) yemoq mumkindir, ammo Abonosir afandini koʻrmoq istagida boʻlsangiz, qorinni toʻqlab boringkim, bu zot choyga suv qaynatmogʻ istagida olov yoqsalar, suvni ham tagiga oldurub, kuydirib yuboradurlar.

Tanishmoqni shu oʻrinda muxtasar qilib, muddaogʻa oʻtmoq fursati yetdi.

E’tiboringizni tortqandur, burodarlarimizni tanitishda «afandi» lafzini ishlatduk. Tengri-taoloning marhamati ila «Afandi» gazniti chop etila boshlagʻach, burodalarimiz hajviyot sohasinda oʻzlarinda ulugʻ ragʻbat sezdilar va bu maydonda ot surmoqqa azmu qaror etdilar. Ammokim, ot topolmagʻanlari tufaylimikin, osh boʻlmasa - atala, deganlaridek, eshak mina qoldilar. Bundan koʻngullari zarrachada ogʻrinmadi. Bilaks, shukronaliq kelturub, bu xursandchiliq evazigʻa tilanchiga bermoq uchun yetti tangadan atamishlar. Bu voqeagʻa koʻp fursat boʻlgan esa-da, atalmish yetti tanga hali tilanchiga yetib borgʻoni yoʻqdur. Hamon u choʻntakdin bu choʻntakka safar qilib, yorugʻ jahonni koʻrmoqdan bezillab turadur emish. (Alloh ul zindonband tangalargʻa sabr berib, choʻntakda shahid boʻlmoqlikdan asrasin.) Voqean, eshakka yetishganlaridan quvonchlari uldirkim, katta bobo-togʻalariga qarindoshligi ehtimoli boʻlmish Nasriddinxoʻja Afandi ham eshak minib mashhurlikgʻa yetganlari barchaga ma’lumdur. Nasriddinxoʻja Afandimizdan bu zamonaviy afandilarimizning farqlari shundakim, Nasriddinxoʻja afandimiz eshakni el qatori toʻgʻri minganlar. Burodar afandilarimizgʻa esa qorin otliq ortiqcha dahmaza halal berdimi, yoinkim boshqa sababmi, har nechuk eshakka teskari oʻtirub qolmish erkonlar. Zotan, bu ham ayb emasdur, hajviyot olamigʻa eshakka teskari oʻtirgʻon holatda kirib kelmoqlikning oʻzi bir sharafdur va bu har bir kimsaga nasib etmasdur. Agar kimdir birov bu holatqa ajablanib desaki: «Afandilar, nechun eshakka teskari mindingizlar?» javob olurkim: «E, nodon, sen koʻrmaysanmiki, biz atayin shunday oʻltirubmiz. Eshakning dumi ostini kana bosgʻan ekan, savob topayliq deb tozalamoqdamiz». Alhol bu javob oʻrunlidur va bahsgʻa hojat qoldirmagʻay. Faqatkim, Dodaxoʻja rais afandimizgʻa dum ostidagʻi kanani tozalamoq sharafi nasib etsa-da, Abonosir afandimizgʻa qari erkak eshak duch kelgʻani sabablidan dumni koʻtarmoq mas’alasi koʻndalang boʻlgʻondir va koʻp fursatdan beri burodarimiz mazkurni hal etolmay halakdurlar. Shu boisdanmikin, gaznitda kamroq koʻrinadurlar.

Eshakka teskari minub yozgʻanlari uchunmikin, alarning yozgʻanlarini oʻqub tushungungʻa qadar kishining esi teskari boʻlub ketur. Kishi «Yozilgʻanlarni oʻqigʻach kulib, rohat qilarman» degan umidda pulgʻa gaznit sotib olib burodarlarimiz ijodi bilan tanishadi-yu qaerda kulmoqlik lozimligʻini bilolmay garang boʻlib yuraveradi. Kishi oilali boʻlsa durust, afandi burodarlarimizning yozgʻanlarini oʻqigʻach, xotinini chaqirib: «Kel xotin, qitiqlab yubora qol, bir hajv oʻqidimki, kulmasam insofdan boʻlmas», demogʻi tayin. «Puli kuygʻan qalampir chaynabdi», deganlari shu boʻlsa ehtimol. Qiyin boʻlgʻonda boʻydoqlargʻa qiyin, ular kimga qitiqlatishni bilmasdan halaklar. Eshitganimiz rost boʻlsin, iloyim, demishlarkim, afandilarimiz himmat kamarini bogʻlab, kula olmaydurgʻon boʻydoqlarga bepul xizmat koʻrsatmoqni niyat qilmish erkonlar. Ajab shuki, afandi burodarlarimizning biri ikkinchisining xoʻrozi qanday tuxum qilgʻonini madh etsa, boshqasi bul burodarining oq ishtonini bayroq qilib, maydonda eshak suradur. Kishi desaki, «hoy afandilar, yozilmish hazillaringʻiz faqat oʻzlaringʻizgʻa xos ekan, bu hazillaringʻiz ommaga tushunuksiz va erish tuyular, hajv ila masxarabozliq orasinda ancha farq bordur. Bir-biringʻizni masxara etmagʻoningʻiz durustmi ekan?» javob olarkim: «Sizda yumor xissi yoʻqtur, biz yozamiz - kulamiz, oʻqiymiz - kulamiz.» Shunda kishi desakim, «Julqunboy hazratlari «Yaxshi bilish kerakkim, qalam oʻqlogʻi va matbuot ketmon bozori emas», deb kimlargʻa xitob qilgʻan ekanlar. Yozgʻanlari oʻzlarigʻa yoqar ekan, «Afandi»ni mulzam qilmay «Ikki afandi-plyus» deb nomlanmish devoriy gaznit tashkil qilsalar-da, choyxonamizning tahoratxonasiga osib qoʻyilsa, durust boʻlarmi ekan. Bun taklifgʻa jur’at etmoqlikning boisi: tahoratxonada oyoq bosmoqliqgʻa toza joy topmoqlik azobidan boʻgʻilgʻan kimsa bir azob cheksa, devoriy gaznitda oʻqigʻanlarini anglamay ming mashaqqat chekadur va oxir oqibat tahoratxonadan chiqgʻach ikki balodan qutgʻargʻan Tangriga shukurlar qilib, toza havodan miriqib-miriqib nafas oladur. Choyxonachiga bir vazifa yuklanmogʻi joizkim, bu chiqaverishgʻa ikki odam tayin qilsun va bu ikki odam devoriy gaznit azobidan qutulib qiqqan kishini qitiqlab kuldursin va azobni rohatgʻa aylantursin. Alqissa shulkim, mazkur satrlar hajv maydonida ikki afandi burodarimiz koʻringʻach, tugʻildi. Umid ulkim, burodarlarimiz yaqin kunlar ichi eshakka toʻgʻri oʻlturib olurlar va hajv maydonida kulki boʻlmoqdan oʻzlarini tiymoqlikni kasb eturlar. Bu maydonda uchrashmaslik maqsadida qolamiz, ishlaringiz xayrli boʻlsin, afandi burodarlarim.

Siz, azizmonlargʻa tosh otgʻuvchi:

JOʻRJ, ya’nikim, Julqunboyning Oʻgay Ramaqijon Jiyani deb bilgʻaysizlar.

Hangomani qogʻozga tushirib, tahririyatga olib borish zahmatsiz kechdi. Ammo gazetada chiqqach, ikki oshnamizning koʻnglini ovlash qiyin boʻldi. «Joʻrj togʻamiz almoy-aljoyi bir odam, ogʻziga kelganini qaytarmaydi, maktabda oʻn beshta harfni oʻrganguncha oʻqigan», desam ham ranjiyverishdi. Hayriyatki, tahririyat hangomaga qalam haqi berdi. Joʻrj togʻamiz «haqi oʻzingga» deganlari uchun pulni oldim-u birodarlarni tushlikka taklif etdim. Olingan qalam haqi choʻntagimdagi yana necha ming soʻmni oʻzi bilan ergashtirib ketganini aytib afgʻon qilmay. Dardim ichimda. Muhimi, afandilar Joʻrj togʻamizni sudga bermaydigan boʻlishdi. Biroq, yana bir shart qoʻyishdi: yana ikki kun tushlik payti xizmatlarida boʻlar ekanman. Qoʻlim kalta, Joʻrj togʻaga aytgan bilan foydasi yoʻq. Balki sizlar qarashib yuborarsizlar?1867 yilda molbozor boʻlgan joyda hozir «Toʻqqorin» oshxonasi qurilgan. Afandilarimizni oʻsha yerdan topasiz. Dasturxon atrofida birga oʻtirishingiz shart emas, taom haqini toʻlab qoʻysangiz bas.