OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiIksning xatarli kashfiyoti (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/05
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Iksning xatarli kashfiyoti (hajviya)
Tohir Malik

«
Mulla Mutallibning gʻoyib boʻlishiga doir muqaddimali, ammo xotimasi uzilgan xayoliy hangoma
»

Muqaddima

Qishloqda hech kimga soʻz bermay yuradigan mulla Mutallib bir kechada gʻoyib boʻlib qoldi. Aslida mullalikka hech bir daxlsiz Mutallib savodi yoʻqdan koʻra bor boʻlishiga qaramay, toʻrtta odam yigʻilib qolgan yerda hech kimga gap bermasdi. «Oʻzimiz oddiy dehqon boʻlsak ham dunyoviy ilmlardan boxabarmiz», deya suhbat mavzuini istagan soʻqmogʻiga burib yuboraverardi. Mutallibning ezmaligidan bagʻoyat bezor boʻlgan oqsoqollardan biri unga «chala mulla» deb laqab qoʻygan, biroq yigirma ikkinchi asr madaniyati nuqtai nazaridan bu qoʻpollikka yoʻyilgani uchun laqabni sal andavalab, uni «mulla Mutallib» deb atardilar.

Mulla Mutallib chekiga tushgan yerga faqat qovun ekardi. Ammo keyingi oʻn yil badalida uning birovga qovun soʻyib berganini yoki bozorga olib chiqqanini tirik zot koʻrgan emas. Xotinining aytishicha (sizga yolgʻon, bizga chin), xatto ularning ham ogʻizlari qovunga tegmasmish. Har yili qovun yetilgach, mulla Mutallib uni bir kunda uzardi. Polizning oʻrtasiga uyib qoʻyardi. Qishloqdagilar ertalab qarashsaki, polizda sapcha ham qolmagan. Ha, mulla Mutallib xuddi qovunlari kabi bir kechada izsiz yoʻqoldi. Agar bu voqea oʻn uchinchi asrda yuz berganda edi, «Allohning inoyati» yoxud «Haq taoloning karomatlari cheksiz» deb yoqa ushlab qoʻya qolgan boʻlardik. Afsuski, voqea yigirma ikkinchi asrda sodir boʻlmoqdakim, har bir moʻ‘jizaning sababi ilmiy jihatdan isbotlanishi zarur. Zero, mulla Mutallibning gʻoyib boʻlishi bejiz emasdir va u mazkur jumlaga nuqta qoʻyilganidan soʻng boshlanuvchi bobda hikoya qilinur.

Birinchi Va Soʻnggi Bob

Yaxshining yomoni, oqning qorasi boʻlgani kabi, har narsaning aksi borligiga hech kim gumon qilmasligi aniq. Dunyoning qurilishini qarangki, Alloh oʻz moʻ‘jizasi ila yaratgan oʻn sakkiz ming olam orasida Yerning, ya’ni sizu biz yashab turgan sayyoraning ham aksi bor ekan. Unga fazogirlarimiz bu voqeadan yigirma toʻrt yil avval, aniqrogʻi, ikki ming bir yuz sakson sakkizinchi yilda, yana ham aniqrogʻi, mulla Mutallibning eshagi xarom oʻlgan yili ilk bora qadam qoʻygan edilar. Shundan beri ikki sayyora axlining aloqalari a’lo darajada mustahkamlanib borayotgan edi. Eng muhimi, masofa ham uncha uzoq emas. Sayyoraning oʻziga yarasha goʻzal ismi ham bor. Ammo yerliklar aks sayyoradagi doʻstlari oldida bir ozgina xijolatda boʻlganliklari sababli, uning nomini yashirib, oʻzimizcha «Zet» deb atab turaylik. Ha, Zet Yerning aksi boʻlsa ham, u bilan aloqamiz yaxshi edi. «Aks» deganda nimani tushunamiz? Biz kislorod bilan nafas olamizmi? Zetliklarda buning aksi, ular is gazi bilan tirik. Biz chuchuk suv ichamiz, ular esa dengizning shoʻr suvini hech nimaga almashishmaydi. Yerliklar sanoqni «bir»dan boshlaydilar. Zetliklar uchun esa eng yuqori son – «bir». Yoki Yerda akseleratsiya jarayoni nihoyasiga yetyapti, oddiy tilda aytganda, odamlarning boʻylari oʻsyapti. Zetda esa aksilakseleratsiya jarayoni boshlanayotir, ya’ni zetliklarning boʻylari tobora pastlayapti. Jarayon shu taxlit davom etaversa, yaqin ming yil ichida eng novcha zetlikning boʻyi toʻrt qarichdan nariga oʻtmay qoladi. Zetlik olimlarni tashvishga solgan bu muammo koʻp bahslarga sabab boʻldi. Odatda, bashariy ahamiyatga ega boʻlgan muammo tugʻilganda barcha olimlar diqqatlarini shu masalaga qaratib, oʻz mutaxassisliklaridan (koʻpincha, oʻz fe’l-atvorlaridan, dunyoqarashlaridan) kelib chiqqan holda turli takliflarini oʻrtaga tashlaydilar. Taklif koʻpaygan sayin muammo chigallashib boraveradi. Ammo Zet aks sayyora emasmi, u yerda muammo chigallashmay, yechilib boradi. Takliflar tezlik bilan rad etiladi yoki qabul qilinadi. Bir guruh olimlar zetliklarning moʻ‘tadil boʻyini saqlab qolish uchun yerliklar bilan chatishishni taklif qildi. Bunday qabih oʻy xayoliga kelgani uchun ular jinoiy javobgarlikka tortildilar. Chunki zetliklar oʻz nasl-nasablarini nihoyat darajada qadrlaydilar, biron bir tashqi ta’sir natijasida yuzaga keluvchi irsiy oʻzgarishlardan oʻzlarini ehtiyot qiladilar. «Boʻyimiz bir qarich boʻlib qolsa ham, qonimiz buzilmasin. Zetlik – zetligicha qolishi kerak!» Olimlarning barcha takliflari shu asosda koʻrib chiqildi. Nihoyat, kalavaning uchi topildi: boʻy pasayishining oldi olinibgina qolmay, uni oʻstrish yoʻli ham kashf etildi. Kashfiyotchi olim esa «Zet Qahramoni» deb e’lon qilindi. Bu olimning ham chiroyli ismi bor edi. Biroq, uni tilga olishga barcha hazar qilib qolgani uchun biz ham uni «Iks» deb turamiz.

Demak, masala oydinlashdi: zetliklar pakana boʻlish xavfidan qutuldilar. Lekin bir narsa qorongʻi: nima uchun kashfiyotchining yuziga qora surtildi?

Endi masalaning bu tomonini ham izohlash lozim. Buning uchun Zet Tuban (ya’ni Oliy) sudining ayrim hujjatlaridan foydalanishga toʻgʻri keladi. (Zet aks ayyora boʻlgani uchun ularda sud jarayoni ham boshqacharoq. Ya’ni avval hukm chiqariladi, soʻng jarayon boshlanadi. Qoralovchi va adliya xodimining vazifasi ham boʻlakcha. Siz, azizlar, chalgʻib ketmang, degan maqsadda jarayonni maromiga toʻgʻrilab tushuntirishga harakat qildik.)

Tergovchi Toʻplagan Ma’Lumotdan:

«Iksning kashfiyoti dastlab ijobiy natijalar bera boshladi. Uning tajribaxonasidan chiqqan kishilarda boʻyning oʻsishi sezilarli darajada tezlashgan. Iksning muvaffaqiyati avvaliga hech kimda shubha tugʻdirmadi. Keyinchalik irsiyat masalalari bilan shugʻullanuvchi olimlar Iks olib borayotgan ishlarning zetliklar nasl-nasabini buzishga olib kelayotganidan bizni ogoh etdilar. Oradan koʻp oʻtmay, tarqalayotgan Zet uchun noma’lum yuqumli kasalliklarda Iks kashfiyotining oʻrni borligini ham ma’lum qildilar. Shundan soʻng Iks sir tutib kelayotgan kashfiyotning mohiyatini oshkor etish harakati boshlandi. Ma’lum boʻlishicha, Iks mijozlariga kunda uch mahal qovun sharbati ichirayotgan ekan. Qovun sharbati Yerdan yashirincha olib kelingan...»

Oddiy Molekulyar Biolog (Yerda «Akademik» Deb Izzat Qilinadi) Bergan Guvohligidan:

«Oliy hakam: Siz hamkasbingiz Iks janoblarining kashfiyotini zararli, deb hisoblaysizmi?

Javob: Zararli emas, mudhish va xatarli deb hisoblayman.

Oliy hakam: Siz falokat sababini faqat qovun sharbatida deb bilasizmi yoki boshqa taxminlaringiz ham bormi?

Javob: Yana bir karra takror va qat’iy ravishda aytamanki, Yerda yetishtirilgan qovun sharbati xunuk oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Oliy hakam: Da’voingizni ilmiy emas, oddiy xalq tushunadigan qilib izohlab bersangiz.

Javob: Marhamat: tekshirishda aniqlanishicha, qovun tarkibi yerliklar «selitra» deb atovchi gʻayritabiiy moddadan iborat. Selitra katta odam salomatligiga darhol qattiq ta’sir qilmasa ham, uning zurriyotini buzishga olib keladi. Yerda yetishtirilgan qovun sharbatini ichgan ayollardan sogʻlom bola tugʻilmaydi. Sharbat bilan badanga singgan, haligi aytganim, selitra degan zaxarli modda asta-sekin qon tarkibini oʻzgartiradi. Demak, bora-bora markaziy asab majmuini ishdan chiqaradi. Lekin zetliklarga men aytgan soʻnggi xastalik xavf solmasligi ham mumkin. Nega deganimizda, miya faoliyatida salbiy oʻzgarishlar boshlangunga qadar oshqozon-ichak xastaligidan oʻnglana olmay jon berishlari turgan gap. Iks boʻy oʻstiraman, deb jinoyatga yoʻl qoʻygan. Balki u buni bilmagandir. Chunki yerliklarning ilmiy ishlarida bu narsaga katta ahamiyat berilmaydi. Selitra bilan oziqlangan yerliklarning shu damgacha qirilib bitmaganiga hayronman.

Oliy hakam: Yerliklar selitraning zararini biladilarmi? Bilgan taqdirda nima uchun undan foydalanadilar?

Javob: Bunisi men uchun qorongʻi.

Oliy hakam: Siz ilgari qovun tarkibida selitra mavjudligini bilarmidingiz?

Javob: Bu haqda bizda ma’lumot yoʻq edi...»

Mulla Mutallibning (U Oʻzini Shunday Tanishtirgan Boʻlsa Kerak) Bergan Guvohligidan:

Oliy hakam: Avvalo sizni toʻsatdan va majburan bu yerga olib kelganimiz uchun uzr soʻraymiz. Boshqa ilojimiz yoʻq edi.

Mulla Mutallib: Hech qisi yoʻq. Sayr ham sayr, sargardon ham sayr, deydilar. Bahonada tomosha qilib ketaman. Faqat... qaytishdan oldin bozor aylanishga ijozat bersangizlar bas.

Oliy hakam: Sizning olib kelinishingizdan Yer elchisi ogohlantirilgan.

Mulla Mutallib: Shunisiga besh ketdim.

Oliy hakam: Aytingchi, siz janob Iks bilan koʻpdan beri tanishmisiz?

Mulla Mutallib: Oʻn yil boʻldi chamasi.

Oliy hakam: Qanday tanishgansiz?

Mulla Mutallib: Bilasizmi, yurtimizga boshqa sayyoralardan koʻpgina mehmonlar kelib turishadi. Shularning izzatini qilib, qovun sayli oʻtkaziladi. Tanish-bilishlarga rahmat, ishqilib, ozgina xarajati boʻlsa ham, bitta saylda qatnashiga ijozat olib berishdi. Oʻsha yili janob Iks kelgan ekanlar, qovunim yoqib qoldi.

Oliy hakam: Nima uchun? Selitrasi koʻp edimi?

Mulla Mutallib: U paytlar unchalik koʻp emasdi.

Oliy hakam: Boshqalarnikiga nisbatanmi?

Mulla Mutallib: Chamamda boshqalarnikida mutlaqo yoʻq edi. Men yashirincha ishlatardim, sababi, tirikchilikda, joʻjabirday jonmiz. Janob Iks iltimos qilganlaridan keyin koʻproq qoʻsha boshladim. Har xolda hurmatlari borda.

Oliy hakam: Seltira qoʻshmay ham qovun yetishtirish mumkinmi?

Mulla Mutallib: Necha ming yil shunday boʻlib kelgan, deyishadi.

Oliy hakam: Selitra oʻzingizga ta’sir etmaydimi?

Mulla Mutallib: Biz selitra solinganini ogʻizga olmasdik... Har xolda tirik jon... bilib boʻlmaydi-da...»

Sud Qaroridan:

«...4. Iksning kashfiyoti zararli deb topilsin va bekor qilinsin. Zetliklar naslini, qonini toza saqlab qolish maqsadida qovun sharbatini iste’mol qilib aqlan zaiflasha boshlaganlar va ularning farzandlari davolanish uchun maxsus shifoxonaga yuborilsin. Yurtimiz ahli salomatligiga qasd qilgani uchun oʻzini olim deb yurgan Iks Zetning tabiiy yoʻldoshiga badargʻa qilinsin. Iks ilmiy tadqiqotlardan mutlaqo chetlatilsin...

...9. Yerdan olinayotgan mahsulotlar roʻyxati qayta koʻrib chiqilsin. Qovun olib kelish mutlaqo taqiqlansin.

...13. Yerlik Mulla Mutallib jinoyatga sherik deb topilsin. Uning eng oliy jazoga loyiqligi, ya’ni bozor aylanish huquqidan mahrumligi ta’kid etilsin...»

Xulosa

Yerdagi voqealarga oid hikoya boʻlganida, albatta, xulosa - qissadan hissa talab etilardi. Aytganimizdek, Zet – aks sayyora, uning qonun-qoidasi boʻyicha bir quloch xulosa yozishga hojat yoʻq. Shu bois gapni muxtasar qilamiz. Bayonda xiraliklar uchrasa, ma’zur tutasiz.

Mazkur voqeani oʻz qulogʻim bilan eshitganimni tasdiqlayman, deb imzo chekaman: