OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiInternasional yozuvchi (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/05
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Internasional yozuvchi (hajviya)
Tohir Malik

Voy, voy, boʻyginangdan aylanayin, Abdumalik akaning oʻgʻli! Agʻimdan turtib, bagʻimdan turtib, axiyri yozgʻuvchilikka ham oʻrgatding-a! Koʻrinmay qoldiyiz, qay goʻrlarda sanqib yuribsiz, diysanmi? Omma, san bola bagʻoyat zolim ekansan. Bir soʻz yozsam, «oʻxshamabdi», diysan. Oʻxshaganini yozsam, «Toshkancha gapirvoribsiz, adabiychasiga boʻlsin», diysan. Hay, shu naynov boladan boshqa ustoz qurib ketibdimi, dedim. Oʻylab qarasam, oʻzimning domimda bir emas, ikkita teppa-tekin, ustoz boʻlganda ham ustozlarning xoʻrrozi bor ekan. Kulma, sanam tekin ustozsan-u omma xoʻrroz emassan. Yozganlarimni oʻqib, kurk boʻgʻon tovuqqa oʻxshab, xurpayib olasan. Mani sira-sira tan olging kemaydi.

Domimdagi tekin ustozlarning man bilan ishlari yoʻq. Ha-da! Iching pishmasin, ularning kimligini aytaman, eshit: biri «radiyo» otliq shoxli quticha-yu ikkinchisi dilbizor. Xoʻp, sen aytgancha boʻlaqolsin – televizor! Endi bu yogʻiga gapimni boʻlmay eshit:

Bir oy koʻchaga chiqmay, alardin soʻz oʻrgandim. Bildimki, sani talablaring oʻzing toʻqigan chepuxa ekan. Oxirgi uchrashganimizda «oqshomda yulduzlar charaqlar edi», deb yozsam, mani kallamni ogʻritding. «Oqshom shom qorongʻusidan oldinroq boʻladi, yulduzlar xuftonga yaqin koʻrinadi», deganing esingdami? Oʻsha kuni uyqum qochib, radiyoning qulogʻini buragandim, baraka topkur, bir yigit manga «xayrli oqshom» tiladi. Soatga qarasam, salkam oʻn ikki. Radiyo bir nima bilmasa, gapirmiydi. Yarim kechada oqshom boʻlishini ular sandanam yaxshiroq bilar diyman, a? Uyquchiligingdan xabarim bor. Telpon qilib, bi-ir avra-astaringni agʻdarmoqchiydim, otangni arvoyini hurmat qildim.

San, bola paqir, nuqul « zoʻr yozgʻuvchi boʻlaman desangiz, toshkancha yozmang, toshkancha gapirmang, «votti-votti»ngizni yigʻishtiring, adabiychasiga boʻlsin», deyaverasan. Oʻzing hech dilbizor koʻrasanmi? Achchiq ichakday choʻziladigan kinolarni koʻrmiysan shekilli? Meksikanimi yo karislarnimi kinosini koʻrsang, manga bunaqa durnoy da’volar qilmasding.

Man mazza qilib koʻraman. Mana, oxirgisi: karislarning podshosi «Qornim ogʻrivotti», desa vaziri «Hozir vaziri a’zam kelobti», deb ovutdi. Tabib kelib: «Hokim toʻra, man siza doru olib keluttim», dedi. Oʻshanda lashkarboshisi askariga «Hoy, aqqa-baqqa qarab turlaring bitta pashsha uchib oʻtsa, naq yayib talayman. Hoy anqayma, sen tozza iflos ekansan-ku!» deb soʻkib qolsami. Yaxshiyam oshnasi yonida ekan «Yoshulli, bizar bu nodona jazo berajaqmiz», deb tinchitvordi. Shunda bildimki, karislarning podshosi asli toshkanli ekan. Saroyiga buxoroli, anjanli, xorazmli ketvorgan jigitlarni toʻplab olganakan. Hozirgi karischa moshinlarni ashilarning bachalari jigʻorib yuribdiyov, dedim. Ashi podshoning bir sekritori bor erkon, qogʻozni olib: «Shuytib, tarixga ne deb yozurmiz? Qorin ogʻrigʻi bagʻoyat tarixiy ahamiyatgʻa molik erur», deb qoldi. Endi yozishga unnaganida podshoning ukasi kep qoldi. «Bratan, ne oʻldi bu qorin janvargʻa, bovurlargʻa telpon-milpon etturmak kerak», dedi. Omma, bu bachaning asli qaerlik ekanini bilomadim. «Bratan» deyishi toshkancha-yu boshqa soʻzlari internasional. Kinoga qarab oʻlturib karis podshoga achindum. Qoʻlimdan kesa, oʻzimizning xorazmli qizni shartta yuborardim. «Tizzamga oʻtqazib, novvot choy qilib beraman», deb bir xirgoyi boshlasa, qorin ogʻrigʻi moment toʻxtardi. Ja boʻlmasa, oʻzimizning Yulduz borib «Qoshi qora, koʻzi qisiq qizgina», deb bir ishva qilib bersa, podsho jonivar ham oʻrmalab qolarmidi...

Karisning kinosidan keyin bir bonka qatu ichuvdim, Meksika kinosi boshlanib qoldi. Aslida karisnikidan koʻra oʻsha Meksikanikini yaxshi koʻraman. Qizlariga qarab koʻz toʻyadi-da! Hammasining koʻynagi tizzadan tepasida, kindigi ochiqlari ham anchagina. Mammalarining tepasi qozoqning xurjuniday osilib turadi. «Koʻrmo bor-u yemo yoʻq» degani bilan, koʻrmoning oʻzi ham koʻzga darmon boʻluvradi. Shunaqa kinolardan keyin qorongʻida pul sanasam, yuztaliyni mingtaliydan aniq ajrataman. Xullas, Meksikadagi bir xuriliqo jazmanini «bir piyola qahva iching», deb taklif qildi. San buni xato devotsanmi? Kalta oʻylavotsan, san bola. Axir hozir savdogarlarni qoʻli hamma yerlarga yetvottimi? Rishtonli bir bacha Meksikaga sopol pela olib borib sotgan boʻlsa na deysan? Yo boʻmasa, oʻsha xuriliqoning oʻynashi Toshkanning manga oʻxshagan krutoy yigitlaridan boʻsa-chi? Man oʻtgan zamonlarda poyizga chiqsam, yoʻlxaltamga pela solvolardim. Oʻsha yigit ham pela olib borib, keyin esidan chiqib qogʻondir.

Amerikacha kino koʻrvotuvdim bittasi ikkinchisiga «Onangni Uchqurgʻondan koʻrsataman», deb dagʻdagʻa qib qosami! Toshkan atrofida Oqqoʻrgʻon borligini bilaman. Ikki marta ilik yogʻi oborib sotganman. Yogʻga nima aralashtirganim bilan ishing boʻmasin. Oborganmanmi – oborganman, sotganmanmi – sotganman. Foydaga qogan pul halolmi-harommi, baribir, hazm boʻp ketgan. Man sanga Oqqoʻrgʻonni etvomman. Onasini Uchqurgʻondan koʻrsatadigon boʻgʻondan keyin manam oʻyladim, oʻsha Uchqoʻrgʻoni Oqqoʻrgʻon atrofidadir balki, lekin aniq bilmiyman. Hozir Amerikaga borib ishlayotganlar orasida uchqoʻrgʻonlik bachalar koʻp boʻsa bitta mahallasini «Uchqoʻrgʻon» deb qoʻygandir. Ashagʻlardayam shunaqa mahalla boʻgani yaxshi-da. Amerikalik dayuslar onasini koʻrgisi kelsa, aqqa-baqqa izgʻimay toʻgʻri Uchqoʻrgʻonga kelib turovrarkanlar. Agar Uchqoʻrgʻon yoqmasa, ana, Kattaqoʻrgʻon bor, Bozorqoʻrgʻon bor. Qanaqa qoʻrgʻon boʻlishi shartmas, glavniysi – onasini koʻrsa boʻldi-da! Toʻgʻrimi? Toʻgʻri boʻlsa, ogʻzingni ochib oʻtirmay, kallangni liqillatib qoʻysang-chi!

Endi qogʻoniniyam eshit: Girmonning kinosida bittasi «Ha, doʻppi tor kelib qoldimi?» deganiga san pachakilashma. Urushda nechta oʻzbek sollot borgan u yerga. Bilasanmi? Vobshem bilmiysan! Zato man tochna bilaman: oʻsha zamonlarda bitta-yarimtasining doʻppisi qolib ketgani ham toʻppa-toʻgʻri. Eskirib, endi tor boʻp qogʻondir. Shunga ham achchigʻing chigʻami, bacham?!

Tunovinda bir muxbir bachaga besh emas, oʻn ketvordim.Toʻgʻri, oldiniga nimalar devotganini pachti tushunmadim. «Amiriqoda baland bnolar koʻp, unlarda nsonlar yashaydi», dedi. «Bno»si nima-yu «nson»i nima, deb koʻp oʻyladim. Oxiri topdim: bachchagʻar «bino» demoqchi ekan. «Nson» – «inson» ekan. San uni soʻkovurma, tili chuchukroq boʻlsayam, aqliga balli, deyavur. Bilasanmi, har bir soʻzdan bittadan, ikkitadan harf tushirib qoldirilsa, qancha poyda boʻladi? Oʻzi koʻp soʻzlarda ortiqcha harflar bor-da. Bunisiniyam tan olavur. Oʻylab koʻrsang, oʻsha muxbir bacha insof qipti. Yanayam koʻp harflarni olib tashasa boʻlardi. Mana, eshitib koʻrgin: «Riqoda land nolarda oʻp sonlar yashiydi». Xoʻsh, bunga kim tushunmiydi? Kim tushunmasa, ashining bitta vinti kamroq boʻladi.

Shunaqa gaplar, okovsi, san endi manga ustozligingni da’vo qima. Radiyo-dilbuzor ustozlar baraka topishsin, tilimning boyligini meravoy qilib oshirib yubordi. Endi nima yozadigan boʻsovuza oʻzimiza bilamiza. Bir ustoz kelutti, boshqasi ketutti. Chandon gap bizga ham bor, akun. Qani endi manday yozgʻuvchiga bir nima de-chi, onangni **riqoning ***oʻrgʻonidan *oʻrasan! San *apni *alta *il-u, **gʻozga *oʻchirib, **hariringga *er. Hayme, bacham! *unday *oʻlsin.

Joʻrj **gʻangdan *engga *ogʻinib *alom.

Muhtaram muharrir ogʻajon, qoʻshnimizning gaplarini ohanrabo tasmasiga yozib olib edim. Keraksiz gaplar, deb yurganimda uyimga chiqaverib, holi jonimga qoʻymadi. Amerikaning Uchqoʻrgʻoniga borib kelganimdan koʻra, shu gaplarni qogʻozga koʻchirib, sizga taqdim etish osonroq koʻrindikim, men bu xizmatni ado etdim. «Gaplarimdagi bitta harfni ham oʻzgartirmaysan», deb poʻpisa qilgani sababli uning oʻzigagina hos boʻlgan imloga dahl qila olmadim, buning uchun kechirgaysiz. Girmondagi doʻppingiz tor kelib qolmagan boʻlsa, mazkurni aslicha nashr etarsiz. Oʻlmagan qul, chiqmagan jondan umid, deganday, Joʻrj togʻamizning duolari ijobat boʻlib, balki ikkovimiz Meksika sayohatiga borsak, qora koʻz goʻzalning qoʻlidan bir piyoladan qahva ichib kelarmiz. A, labbay?