OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Tohir Malik. Ivanich (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiIvanich (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm32KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/23
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ivanich (hikoya)
Tohir Malik

Bolangdan aylanay, Ivan bolam, sen insofli odam ekansan. Yoningdagi ukkikoʻz sheriging, xafa boʻlmaginu, tugʻilganidan beri insof koʻchasidan oʻtmagan boʻlsa kerak. Boradigan yerimni tuzukroq anglamasdan turib otning kallasiday pul soʻradi-ya! Men puldan qochganim yoʻq, muomalasidan ranjidim. Koʻrib turibsanki, roʻparangdagi odam qariya boʻlsa, musofir boʻlsa, shunga yarasha izzat qilmaysanmi, a? Doim mashinada xizmat qilganingdan keyin odamlarning roziligini ol, duosini ol. Olmadingmi, kuniga million soʻmlik kira qilsang ham barakasi boʻlmaydimi. Toʻgʻrimi, Ivan bola? Nima, oting Stanislavmi? Endi koʻnglingga olma, biz tomonlarda sendaqa malla yigitlarni «Ivan» deb oʻrganib qolganmiz. Bu yaxshi ism. Mening ismimmi? Egamberdi buva. Ha, aytishga qiyin, lekin yaxshi ism.

Sharti ketib parti qolgan bir cholning Toshkentdan Tulaga kelib qolishiga ajablanayotganga oʻxshaysan, a? Yana poezddan tushiboq «Qariyalar uyi»ga deb turganim ham qiziqmi? Agar yoʻl uzoqroq boʻlsa, hangoma qilib ketamiz, senga sababini aytib beraman.

Toʻrt kun avval peshin namozimni oʻqib boʻlib, oʻtgan-ketganlarni eslab oʻtirsam, nevaram xat koʻtarib kelib qoldi. «Xat bizga emasdir, manzilini yaxshilib oʻqib koʻr» dedim. Men bekorga ajablanmadim-da. Telefon degan beminnat dastyor chiqqanidan beri odamlarning qalam-qogʻoz olishga toqatlari qolmagan. Mana sen, yaqin orada birovga xat yozdingmi? Yozmagansan. Telefon qilib qoʻya qolasan. Bizning qarindosh-urugʻlar ham shu. Kichik oʻgʻlim harbiydan qaytganidan beri darvozamizdagi pochta qutisi xat koʻrmovdi. Yoʻq, sal adashdim: besh yil avval Belorusiyadan keluvdi bir xat. Urushda ogʻa-ini tutingan birodarim vafot etgan ekan, bolalari xabar qilishibdi. Bultur yana bitta xat keluvdi. Soliq idorasidagi bir oʻpkasi yoʻq xodim poʻpisa qilib yozibdi. Lekin pochtachi adash tashlab ketibdi, xat bizga emas ekan. Sizlardagi soliqchilar ham shunaqa osmondan kelishadami? Boshqacha boʻlishi mumkin emas, xoʻroz hamma yerda bir hil qichqiradi. Faqat bizning bu xoʻrozlar qaysi devorga qoʻnib qichqirishni bilmay shoshib qolishadi.

Qarilik qursin, kampirim oʻtganidan beri shunaqa gapdan chalgʻiydigan boʻlib qoldim. Xullas, nevaram «xat sizga, Rossiyadan kelibdi», deganidan keyin koʻzoynakni burunga koʻndirib yozuviga tikildim. Harflarning egri-bugriligiga qaraganda qoʻli qaltiroq odam yozganga oʻxshaydi. Endi savodi chiqayotgan boladay harfni harfga urishtirib, bir amallab oʻqidim. «Rossiya, Tula shahri, Kaul koʻchasi, Qariyalar uyi. Ivanich...» «E-ha, Ivanich, -dedim,-voy nomard, tirik ekansan-ku, a?» Xatjildni yirtib katak daftarning bir varagʻiga yozilgan maktubni olib oʻqidim: «Bogdanich, jon doʻstim, yoʻq, jonim ogʻam, kechirolsang kechir, sendan iltimos qilaman, yoʻq iltijo qilaman, meni bu yerdan olib ket. Yoʻlkira tashvishini qilma, umidvoring: Ivanich»

Shunaqa deb yozibdi, baraka topgur. Harflarni tatalab oʻqigunimcha koʻzlarim tinib ketdi. Xatning mazmunidan ajablandim. Yana qayta oʻqidim. O'ylandim.

«Obbo Ivanichey,-dedim,-ahvoling chatoqqa oʻxshaydi-ku? Qariyalar uyidan yozibsan, qizing xor qildimi, a? Ketmagin, devdima, gapimga quloq solmading. Oqibat shunaqa xor boʻlishingni koʻnglim sezuvdi. «Kechirolsang - kechir», debsan. Durust, aybingga iqror boʻlibsan, lekin mening kechirishim senga kamlik qiladi. Seni Xudo kechirsin. »

Joning sogʻ boʻlgur, Ivan bolam, sen bu gapimni malol olma. Men koʻnglida gina saklaydigan odam emasman. Agar birov meni nooʻrin ranjitsa «Xudo bandalarimning gunohini kechiraman, desa-yu, men kim boʻlibmanki, kechirmayin», deyman. Senam shunaqamisan? Otangga balli, Ivan bola. Koʻnglingning tozaligini yuzingga bir qarashda bilganman. Oshnamni «qariyalar uyi»dan olib chiqayin, kira haqiga yana suyunchi ham qoʻshib beraman. Kerakmas, dema. Men suyunchi berishim shart, sen olishing shart. Sen olmasang, kimga beraman?

Yana chalgʻidimmi? Ivanichni bitta men kechirganim bilan foydasi yoʻq. Sababini aytaymi? Olti yil boʻldimi yo undan oshdimi, aniq esimda yoʻq. Bir kuni kechki taomdan soʻng nevaramga koʻshilib televizorda Maskovning axborotini koʻrib oʻtiruvdim. Olam ahvolidan bexabar qolmayin, deb har kuni koʻraman shuni. Bir mahal sobiq ittifoq jumhuriyatilarida qiynalib, Rossiyaga qochib kelayotgan ruslar haqida gap boshlandi. Qay koʻz bilan koʻrayinki, oʻzimning oshnam Ivanich sayrab qoldi. Gaplarini eshitib, quloklarimga ishonmadim. Oltmish oltinchi yilda Toshkanda yer qimirlaganini eshitganmisan? Ivanich oʻshanda kelganidan beri mansabda koʻtarilsa koʻtarildiki, bir enlik pasaymadi. Yegani oldida, yemagani ortida edi. Hech kutilmaganda «Qizim chaqiryapti, qizim bilan yashayman», deb shoshilib qoldi. Ikkita uyi bor edi, sotdi, oʻzim xaridor topib berdim. Mol-mulkini sotdi. Dollarlarni sanab, taxlab beliga bogʻlaganda ham yonida edim. O'zim izzat-ikrom bilan kuzatib qoʻydim. Mahallamdagi oʻn-oʻnbesh oqsoqolni chaqirib ziyofatcha ham berdim. «Boshimizga tashvish tushganda shu musofir yordamga kelgan edi, endi qaytmoqchi», deb duolar qilib, yelkasiga toʻn tashladim. Lekin bachchagʻar, toʻn ortiqcha yuk boʻladi, deb tashlab ketuvdi. Uyimda turibdi. Qaytarib olib borganimdan keyin oʻzi kiyadi. «Yaxshiligingni bir umr unutmayman», deb meni oʻpib xayrlashuvdi. Televizordagi gapini eshitsang... juda ahmaqona gaplar aytdi. Bizda yashashga qiynalganmish, qochganmish... Ilgari ham shu televizorda shunaqa gaplarni bir-ikki eshituvdim, ammo bunchalik ezilmagandim. Ivanichning gaplari meni tuproqqa bulgʻab tashladi. Ming ajablanmayin, ming oʻylamayin, bu gapning tagiga yetolmadim. Nima deysan? Ha, aynan toʻgʻri aytding, katta oʻgʻlim ham shunaqa tushuntiruvdi. O'zimcha koʻchib keldim, desa birov bir chaqa bermas ekan. Agar qochoq sifatida borsa, davlatidan pul olar ekan. Ivanich pulga oʻchroq edi, shu yerda ham pastlik qilibdi. Aytadigan gapini aytdi, oladigan pulini olgandir. Mening ezilganimdan nima foyda? «Obbo Ivanichey! Obbo nomardey! Nafsing buzukligini bilardimu, lekin tuzluqqa tupurishingni sira kutmovdim!» deb gʻoyibona gʻadablab qoʻyishdan oʻzga choram yoʻq edi. Men avvaliga bir ajablanib, bir gʻazablanib yurdim, keyin unutib yuborishga harakat qildim. Bu xat yarani yangilib qoʻydi. Qaragina, kechirim soʻrayapti, demak, yurakdan gapirmagan ekan. Xudo koʻngliga solibdi, insofini beribdi. Bu yaxshilik alomati.

Xatni olgach Tulaga otlanishga qaror qildim. Unga aytadigan gaplarimni ham tayyorlab qoʻydim. Nima demoqchi boʻlganimni aytaymi? Shunday deyman: «Televizorda koʻrganimni qaerdan bilding, Ivanich? Koʻngling sezdimi? Biz tomonlarda koʻp tanishlaring bor, men koʻrmasam boshqasi koʻrardi. Ha, koʻrgan, hisobchi koreys xotin esingdami? O'sha koʻrib telpon qiluvdi, sendan ancha ranjidi. Borganingda uchrashsang yuzingga aytadi, bilasan-ku, uni choʻrtkesar, adolatparvar xotin. Uning achchiq gaplariga tayyor turgin. Ivanich, mayli, oʻtgan ish oʻtdi. Uzilgan oʻqni baribir miltiqqa qayta joylab boʻlmaydi. Vaqti kelib kechirim soʻrarkansan, nima qilarding oʻsha tuhmat gapni aytib. Oldin oʻylab, keyin gapirsang oʻlarmiding? Qariyalar uyiga tushibsan-da, a? Belingga bogʻlab chiqqan dollarlaring oʻlguningcha yetib ortardi. Qochoqman, deb davlatingdan ham undirishing shartmidi? Tiqilib, boʻkibsan-ku, endi. Bu yogʻi qandoq boʻldi? Senga necha marta aytganman, haromdan yeyaverib oxiri tiqilib oʻlasan, deb. Xudo seni oʻz zurriyoting nafsi bilan uribdi. Sezib turibman, qizing seni boplab shilib olgan. Endi men nimaga esingga tushib qoldim, shunisiga tushunolmayapman, oshnam...» Shularni aytmoqchi edim. Be, aytadi, deb oʻylayapsanmi? Aytmayman. «Qariyalar uyi»ga tushib ezilib oʻtirgan odamga yarimta gap ham ortiqcha. U mening gina-kuduratlarimni eshitish uchun chaqiribdimi? U mendan yaxshi gap kutyapti, toʻgʻrimi? Ha. Ivan bola, sen tushunadigan odam ekansan, yuking yerdaqolmasin.

Xat kelgan kuni kechki payt oʻgʻlim bilan toʻyning maslahatini qilmoqchi edik. Ertalab soʻz ochganda kechgacha oʻylab koʻrishga va’da qiluvdim. Xatni oʻqiganimdan keyin bu maslahat ham yodimdan koʻtarilibdi. Aslida oʻylab koʻradigan ish emas. Shartta rad javobni bersam ham boʻlaverardi-ku, oʻgʻlimning shashtini qaytarib, shoxini sindirib qoʻymay devdimda. Qanaqa toʻy deysanmi? Asli bunaqa toʻy senlardan chiqqan. Senlar «yubiley» deysanlar. Men hujjat boʻyicha bu yil sakson beshga kirar ekanman. Tugʻilgan kunimning anigʻini hech kim bilmaydi, oyim rahmatlining «muchali ot, qovun pishigʻida tugʻilgan», degan gaplariga qarab hujjat olingan. Asli bizlarda bunaqa yubiley-pubiley degan rasm yoʻq edi, toʻqliqqa shoʻxliq deb chiqarib olishgan. Senlar yubiley qilsalaring ishlaring oson: bir dasta gul bilan odamning koʻnglini olasanlar. Qarindoshlaring bilan bordi-keldi qilavermaysanlar. Eshak minib, shahar aylanib chorlasalaring ham oʻnta qarindoshlaring yigʻilishmaydi.Bizda esa bir olam tashvish. Kamida bitta toʻn koʻtarib kelinadi. Agar yuzta qarindoshim kelsa, yuzta toʻn kiyaman. O'zing oʻylab koʻrgin, men bu toʻnlarni nima qilaman, goʻrga shu toʻnlarga oʻrab qoʻyishmydi-ku? Oltmish, yetmish, saksonga chiqqanimda ham shu gap boʻlganda, yoʻq deganman. Endigisiga nevara toʻylarni qoʻshamiz, deb qiliq chiqaribdi. Nevara toʻyni sen bilmaysan, bunaqasi senlarda yoʻq. Endi qaraginda, menga yubiley qilishsa qarindoshim bitta toʻn koʻtarib kelsa, nevara toʻy qoʻshilsa, endi bu nevaralarga ham sarpo koʻtarib kelishadi. Qudalarim toy yasatib kelishi kerak. Kudalarimning ahvolini bilaman, tovuq olishga ham qurbi yetmaydi. Lekin toʻy deb e’lon qilindimi, qarz olib boʻlsa ham toy yasatadi. Ana, kulyapsan. Meniyam bir kulgim keladi, bir achchigʻim chiqadi. Kimga kerak shu mashmasha!

Kechki payt Ivanichning tashvishi bilan oʻtiruvdim oʻgʻlim shu toʻydan gap ochib qoldi. Meniyam garmdori fe’lim tutib, zaxrimni sochdim. Ammo jahlim chiqsa menam yomonman, otasini ayamaydigan xilidanman. O'gʻlimga nima deganimni aytaymi? Sen hadeb kulavermaginda, eshit:

«O'gʻlijonim,-dedim,- sen soʻrayverib charchamading, men yoʻq deb tolmadim. Xoʻp, seningcha boʻlsin. Toʻyga taklifnoma chiqarasanmi? Ha, chiqarasan. Unda bunday yozasan: «Muhtaram padari buzrukvorimizning sakson beshga, men galvarsning oltmishga kirganimiz va nevaralarimni sunnat qilish munosabati bilan toʻyga kelinglar», deysan. Oxiriga nechanchi razmer kostyum kiyishimizni ham yozasan, qarindoshlarning hammasi ham toʻn qilmas, kostyumga qurbi yetadiganlari ham bordir. Galvars boshingning razmerini ham yoz, birortasi doʻppi qilar...» desam pov etib yondi. Menam yondim.Keyin yotigʻi bilan tushuntirdim: «Toʻy, toʻy, deb boshimni qotirasan. Sakson besh yillik umrim oʻtib ketganidan quvonib ziyofat berishim kerakmi? Men har kuni shu oʻtgan sakson besh yillik umrimning hisobini qanday berarkinman, deb oʻylab yuribman. Xudo sening umringga baraka bersin. Ammo sening ham shu turishingda oltmish yilingga hisoboting bor. Toʻydan koʻra shularni oʻylasang, men bilan tortishmas eding». Oqibatda toʻyga atagan pulning bir qismini muhtojlarga atadi, bir qismini menga yoʻlkira qilib berdi. Ajablanyapsanmi? Ha, bizda shunaqa. Otaning aytgani - aytgan, degani - degan. Otaning maslahatisiz, roziligisiz hech ish qilinmaydi. O'gʻil, yigirma yoshda boʻladimi yo menikiga oʻxshab oltmishga kiradimi, baribir oʻgʻil. Otasiga boʻysunishga majbur. Yaxshi odat ekan, deysanmi? Albatta yaxshi-da! Bilaman, senlarda bunaqa emas. Farzandlaring bevoshlikdan boshqa narsani bilishmaydi. Mana, qizi yaxshi boʻlsa Ivanichday odamni xorlab qoʻyarmidi?

Menga katta nevaramni hamroh qilib qoʻshishmoqchi edi, unamadim. Aeroportda oʻtirib odamlarga razm soldim: biri gʻildirakli katta jomadonlarni sudrab uchishga shoshiladi. Boshqasi uchib kelib, shaharga shoshiladi. Xudoyimning moʻ‘jizalariga qoyil qolib ketdim. Odamlarni oʻz tashvishlariga bandi qilib qoʻygan. Qiziq-da, odam zoti tinim bilmasa, qoʻnim bilmasa. Qadimgilarning bitta gʻorda yashab yuraklari tars yorilib ketmaganiga hayronman. «Yorilib ketmaganiga» dedimmi? Ehtimol qancha-qanchasining yuragi yorilib ketavergandan keyin mana shunaqa qoʻnimsizlikni oʻylab topishgandir. Agar surishtirib chiqilsa shu oshiqayotganlarning hammasida boʻlmasa ham, yarmisida shoshiladigan yumushning oʻzi yoʻq. Oshiqayotgan yeriga bugun yetmasa ham, hatto umuman bormasa ham osmon uzilib yerga tushmaydi. Men shunaqa deb oʻtiraveramanu, ammo ularning xayolida mutlaqo boshqacha oʻy. Agar ularni toʻxtatib shu gaplarni aytsam, ular «oʻtirgan - boʻyra, yurgan - daryo» deyishlari aniq. Yoki oʻtgan-ketganlar menga qarab «bu cholning bir oyogʻi goʻrda boʻlib qolibdi-yu, safarga chiqqani nimasi, uyida «Olloh-Xudo» deb oʻtirsa boʻlmaydimi, yoʻl-poʻlda oʻlib qolsa qancha odamga tashvish orttiradi», deb oʻylayotgandir, deyman. O'ylasa oʻylar, deyman yana. Ammo...oʻlib qolsam chindanam chatoq. Bu fikrdan bir seskanib tushibman. Shayton yomon-da, shunaqa bema’ni xayollarga bogʻlab qoʻyaman, deydi. Xudo xohlasa, eson-omon borib kelaman. Fashistning million oʻqi orasidan omon olib qolgan Xudo meni shu yoʻlda oʻlimga roʻpara qilmas? Nima deding? Hammasini koʻrib-bilib turibdi-ku. Ivanich ham uning bir bandasi, koʻzlari toʻrt boʻlib, ilhaq yotgandir.

Yoʻl-yoʻlakay Ivanich bilan birinchi uchrashuvlarimni esladim. Agar gapiraverib bezdirmagan boʻlsam, senga ham aytib berishim mumkin. «Qiziq voqealardir», deysanmi? Be, hech bir qiziqarli joyi yoʻq. Shunchaki men uchun bir xotirada. Mayli, gap boshlab koʻydim, aytib beray, sen eshit. Sen faqat oʻzbek chollari ezma boʻlarkan, deb oʻylama. Unaqa emas. Menam aslida koʻp gapirmayman. Lekin Ivan bola, sen koʻnglimga yoqib qolding. Shuning uchun gap xaltam ochilib ketdi.

Oltmish oltinchi yildagi zilzilani eshitmovdingmi? E, salkam qiyomat boʻlgan. Uylar-ku, bosib qolmagan, birov oʻlmagan, lekin kunda uch-toʻrt martadan yer titrab tursa esing teskari boʻlib ketarkan. O'sha yili bizning mahallamiz uchun ikki marta qiyomat boʻluvdi. Birinchisi shu aytganim, Xudo yuborgan qiyomat. Ikkinchi qiyomatni «ijroqoʻm» degan hukumat idorasi yubordi. Zilziladan uch yil ilgari men tugʻilib oʻsgan mahallani buzishgandi. Hammamizga shaharning chetidan joy berishdi, beli baquvvatlar bir yilda, mundayrogʻi ikki yilda menga oʻxshagan noshudlar uch yilda yangi uyni bitirib, endi koʻchib oʻtamiz deb turuvdik. Qaror chiqibdiki, «buzilsin, oʻrniga koʻpqavatli imoratlar tushadi». Zilzilada suvogʻi ham koʻchmagan uylarimizga shunaqa oʻlim hukmi chiqdi. Zilzila buzolmagan mahallani bitta nodonning imzosi oʻn kunda tep-tekis qildi. Sen shahrimizni oʻshandan oldin koʻrmagansan. Naq jannatning oʻzi edi. Tashqaridan birov bitta nok yoki olmami, uzummi olib kelib sotmasdi. Hamma meva-cheva oʻzimizdan chiqardi. Zilzila bahona bogʻlar yer bilan tep-tekis qilib tashlandi. Mevalari pishib yetilmagan daraxtlarni traktor bilan sugʻurishdi. Bilasanmi, oʻshanda bu manzara urushni eslatib yubordi. Tank deganlari hech nimaga parvo qilmay bostirib ketaverardi.

Bilmadim, shayton vasvasa qildimi, oʻshanda traktor - tank, yanchilayotgan daraxtlar - homilador ayollar boʻlib koʻrinib ketdi koʻzimga. Tasavvur qilyapsanmi? Tanklar homilador ayollarni yancha boshladi. Koʻzimdan olov chiqib ketganday boʻldi, dod deb yuboray dedim. Eslasam, hozir ham badanimga muz yuguradi. Nima deding? Ha, gaping toʻgʻri, daraxtlar ham tirik jon. Bir kun ham yashamagan uyimga achinmadimu ammo bogʻlarga hozirgacha achinaman. Bu tomonlarda oʻrmonlar koʻp, senlar daraxtning qadriga yetmaysanlar. Biz niholni oʻz bolamizday avaylab oʻstiramiz. Urushdan qaytganimning toʻrtinchi yilida hovlimizdagi tut toʻsatdan qurib qoldi. Tut nimaligini bilmaysan-a? Dunyoda shunaqa ne’mat bor. Senlar tut yemaganlaring uchun iliklaring puch. Hullas, shu daraxt quriganida xotinim aza ochdi, ishonasanmi? «Nega yigʻlayverasan?» desam, «ocharchilik yillari shu tut yarim mahallani boqardi», deydi. Zilzila yili bunaqa daraxtlarning qanchasi nobud qilindi-ya! Agar ularning har biriga bittadan aza ochilsa, shahar aholisining umri yetmaydi. Xullas, Ivan bola, bizning dodimizni eshitadigani yoʻq edi. Suyunib-suyunib, shirin niyatlar bilan qoʻygan gʻishtlarimizni koʻzyoshlarimiz bilan namlab bitta-bittalab buzib oldik. Mahallamiz shaharning yanayam chetiga chiqib ketdi. Sen boyaqish mahallaning nimaligini ham bilmaysan. Sen koʻp qavatli uyda turasan-a? Ikki qavat tepada kim yashashini bilmaysan, toʻgʻrimi? Mahalla degani mingga yaqin xonadon zich yashaydi, bir oiladay turadi, kimnikida xursandchilik boʻlsa, baham koʻradi, kimning boshiga tashvish tushsa, butun mahalla hamdard boʻladi. Bunaqasi jahonda yoʻq, bilib qoʻy. Xullas, yasholmagan mahallam oʻrnida qurilayotgan katta qurilishga qorovul boʻlib ishga joylandim. Bir kuni kechki payt ishga kelib qarasam, qaysibir serzarda haydovchi mashinasidagi gʻishtni yoʻlning naq oʻrtasiga agʻdarib ketibdi. Haydovchining zardasini qaynatgan voqeani keyinroq bildim. Haydovchiga «G'ishtni uy qurayotgan xonadonlarga olib borib sotib kel, puli «arra», deyishibdi. Haydovchi «arra»ga koʻnmabdi. Koʻproq talab qilibdi-yu, oqibatda kelisholmay, «senga ham yoʻq, menga ham», deb gʻishtlarni shart agʻdarib ketvoribdi. Men galvars bundan bexabar, «mashinasi buzilib qolib toʻkkandir, yoʻlni ochib qoʻya qolay», deb gʻishtlarni tashib, chetga taxlab qoʻyibman. Ertalab ishchilar kelganda ketaman, deb turgan edim, bir mallasoch paydo boʻlib qoldi. U kecha gʻisht toʻkilib turgan joyga qarab turdi-da, keyin birdan jazavasi tutib, «Qorovul!» deb baqirib yubordi. Men «ha, shu yerdaman» deyishga ulgurmay, «qorovul qani, deyapman!» deb battar baqirdi. Yoniga kelib hotirjam ravishda: «Qorovul shu yerda», dedim.
— Senmisan qorovul?-deb zarda bilan qayta soʻradi.
— Menman,-dedim yana hotirjam.
— Qanaqasiga? - dedi.
— Bilmasam. Shunaqasiga shekilli?-dedim.
— Qachondan beri ishlaysan, nega men seni bilmayman?-deb soʻradi.
— Nega bilmasligingni men ham bilmayman, oʻzing kimsan?-deb soʻradim.
— Men shu yerning xoʻjayiniman, prorabman,- dedi.
— Meni uchastka boshligʻi ishga olgan, shuning uchun sen meni bilmaysan. Ertalabdan nega jazavaga tushyapsan? -dedim.
— Kecha ketayotganimda mana bu yerda bir mashina gʻisht bor edi,-dedi jahl bilan.
— Ha. bor edi,-dedihotirjam.
— Demak, koʻrgansan. Xoʻsh, qani oʻsha gʻisht? Qayoqqa gumdon qilding? Sen qorovulmisan yo oʻgʻrimisan?-deb orqasidan «onamni oʻqib» tashlasami! Men senlarning odatlaringni bilaman, onadan olmasalaring yeganlaring ichlaringga tushmaydi. Harbiyda yurib ancha koʻnikib ketganman bunga. Lekin mallasochnikini hazm qila olmadim. Shart yoqasidan oldim.
— Prorab boʻlsang ham bilib qoʻy,-dedim achchiqlanib,- agar yana bir marta soʻkinganingni eshitsam, mening onamga ataganingni ogʻzingga soʻrgʻich qilib qoʻyaman.

Bu gapdan keyin soʻkmadi-yu, ammo baribir zarda bilan yana gʻishtni soʻradi.
— Koʻzing koʻrmi, ana gʻisht!-deb koʻrsatdim.

U bir gʻishtga bir menga gʻalati qarash qildi. «Kim taxlab qoʻydi?»-deb soʻradi. «Men». «Nega taxlading?» «Yoʻlni ochib qoʻyish uchun». Gapimga ishonqiramadi. Keyin atrofni supurib, suv sepib qoʻyganimga e’tibor berib: «Menga qara, qiziq ekansan-ku? Bu sening vazifang emas-ku, qorovulsan-ku, sen?» deydi. «Men odamman, oʻtiradigan joyimni tozalab oʻtirishga odatlanganman. Boʻldimi, endi ketaveraymi?» desam ruxsat bermaydi, bachchagʻar. «Yoʻq, toʻxta, bu yoqqa yur», deb vagonning eshigini ochib ichkariga boshladi. Keyin stolining tortmasidan bitta aroq oldi. «Sen zoʻr odamga oʻxshayapsan», tanishganimizni yuvishimiz kerak», deydi. «ichmayman», desam «nega ichmaysan?» deydi. «Agar xor boʻlmay desang, senam ertalabdan ichma», dedim. «Bugun ichmasam boʻlmaydi, oʻlib qolaman. Sen meni alkash deb oʻylama. Kecha bir boʻkib ichadigan ish boʻluvdi. Endi tanishaylik, oting nima, qorovul?»deb soʻradi. «Egamberdi» devdim, takrorlashga tili kelishmadi. «Aytish qiyin ekan, ma’nosi bormi bu otning?»-deb soʻradi. Tushuntiruvdim «Unda osongina qilib «Bogdanich», deyaveraman, mening ismim Xristofor Samuilovich»,-deb qoʻlini uzatdi. «Sening ismingni ham aytish qiyin ekan. Men seni osongina qilib «Ivanich» deb qoʻya qolaman», -dedim. «Nega endi «Ivanich»?» deb xayron boʻldi. «Sendaqa mallasochlarning hammasini «Ivan» deb oʻrganib qolganmiz», dedim. U kulib, taklifimga rozi boʻldi. Avval mening oʻzim uni «Ivanich» deb yurdim. Keyin boshqalar ham oʻrganishdi. Birga kelgan hamkasblari ham «Ivanich» deydigan boʻlishdi.

O'sha kuni yarim stakan aroqdan keyin, peshonasidan ter chiqqach, oʻziga kelib tantiligi tutib ketdi. «Bogdanich, terib koʻygan gʻishtlaringni oʻzingga sovgʻa qildim, olib ket»,-deydi. «Kerakmas» dedim. «Kerakmasing nimasi?! Sotsang - pul-ku? Qara, qancha odam imorat qilyapti. O'zing-chi, oʻzing qurmayapsanmi, mabodo?» deb soʻradi. Qurayotganimni eshitib: «Ana! Menga «rahmat» deginu olib ket», dedi. «Kerakmas, uy halol topilgan narsalar bilan tiklanishi kerak. Harom aralashgan uy uy emas, gʻurbatxona boʻladi», devdim, meni «ahmoq ekansan», dedi. Dunyo oʻzi qiziq-da, Ivan bola. Agar birov senga hozir mulk bersa-yu, sen olmasang, «halol ishlab topganimga yashayman», desang darrov «ahmoqsan» deyishadi. Toʻgʻrimi? Ha. barakalla! Gapning oʻgʻil bolasini aytding: aslida aksi boʻlishi kerak. Haromdan qaytmaydiganni «ahmoq» deyish kerak.

Ivanich bilan tanishligimiz shunday boshlangan. Ha, u: «Men Tuladan keldim, Tula degan shahar borligini eshitganmisan? Eng chiroyli odamlar oʻsha yerda. Nimagaligini bilasanmi? Qadimda rus imperatori bu yerga eng zoʻr qurolsoz ustalarni toʻplagan. Ular ketib qolmasin, deb eng goʻzal jononlarni ham yiqqan. Shuning uchun u yerda chiroyli bolalar tugʻiladi», deb maqtanib qoldi. Menam boʻsh kelmadim: »Sening malla basharangga qaragan odam bu gapingga ishonmaydi», deb hazil qilsam, ranjimadi. «Bogdanich, gaping toʻgʻri, men asli tulalik emasman. Yetimxonadan keyin shu yerga kelib qolganman. Asli belorussiyalikman», dedi. «Tulani bilasanmi?» deyishi menga malol keldi. Hech qaerni koʻrmagan, omi odam deb oʻyladi-da. Shunda menam shaharlaringdagi «Yasnaya polyana»dan gap ochdim. «Qaerdan bilasan bu joyni?» deb ajablandi. «Zoʻr yozuvchilaring Tolstoy yashagan joyni nega bilmayin», dedim. Yana ajablandi. «Tolstoyni qaerdan bilasan, oʻqiganmisan?» deb soʻradi. «O'qimaganman, lekin urush paytida Tulani ozod qilishda biz shu tomondan kirganmiz», dedim. Ivan bola, ochigʻi oʻshangacha men yozuvchilaringni bilmas edim. Tasavvur qilgin: jang bilan kelyapmiz. Birdan dushman jangsiz chekinib qoldi. Yasnaya polyana atrofida oʻq ham uzishmadi. O'sha yozuvchining hurmatini qilishdi, uy-joyi buzilmasin, deyishibdi. Ularda ham shunaqa insof bor ekan, odamni ayashmasdi-yu, lekin xotirani avaylashdi. Qoyil qoldim. Menga Tolstoyning qabrini koʻrsatishuvdi, ajablandim. Nega, deysanmi? Senlarda kim oʻlsa qabr tepasiga yogʻochmi yo temirmi xoch sanchib qoʻyasanlar-ku? Urush paytida avvaliga ruxsat yoʻq edi, keyin nasarolardan kimni koʻmsak, yogʻochdan kattami-kichikmi xoch sanchib qoʻyadigan boʻluvdik. Musulmonlarga janoza oʻqishga ham oʻshanda ruxsat tekkan edi. Tolstoyning oʻzining hovlisiga xochsiz koʻmilishida bir sir bor, deb yurardim. Yaqinda birovdan eshitdim, musulmonlikni qabul qilgan ekanmi yo shunga xohishi bor ekanmi? Boʻlmagan gap, deysanmi? Bunisi menga qorongʻi. Muhimi - yaxshi odam boʻlgan ekan. O'lganidan keyin ham butun dunyo hurmat qilar ekan. Musulmon boʻldi nima-yu, nasaro boʻldi nima, Xudo deb yashagan bir banda-da. Agar Xudo uni yaxshi koʻrmaganida dunyoda aziz qilib qoʻyarmidi?

Ivanichning bir-ikkita yomon odati demasam, oʻzi yaxshi odam. Bitta yomon odati - ichadi. Ba’zan molday ichadi. Ilgari zamonlarda biz tomonlarda ichilmagan. Senlarning bobokalonlaring olib kelishgan. Bizda ham molday ichadiganlar hozir yetarli. Lekin quruvchi xalqiga duo ketganmi, deyman, topganini ichaveradi. U paytlarda hukumat quruvchilarni rosa siylardi. Ishlarining sifati durust boʻlmasa ham, maoshlari yaxshi edi, yana u-bu narsalarni sotib turishardi. Bizda ham haromdan hazar qilmaydiganlar bor. Taxtami, gʻishtmi oʻgʻirlik mol ekanini bilishsa ham, arzonligiga ishqivoz boʻlib sotib olishaverishardi. Quruvchilar pulni yaxshi topishsa ham maoshdan oʻn kun oʻtmay bir-biridan qarz soʻrash boshlanardi. Bir kuni maoshni olishibdi-yu, boʻkib ichishibdi. Gazagiga pishmagan gʻoʻr yongʻoqni yeb boʻladiganlari boʻldi. Ivanich boshchiligida bir xafta kasalxonada voy-voylab qorinlarini changallab chiqishdi.

Ivanichning yaxshi odati - ichardiyu lekin ovqatni ham bosib yeyaverardi. Unga bizning palov yoqib qoldi. Har ikki-uch kunda koʻy goʻshti, quyruq yogʻida oʻzim palov damlab berib turardim. Sen bunaqa taomni yemagansan. Shuning uchun rangingda qon yoʻq. Palov ilikni toʻq tutadi. Biz tomonlarda «Saksonboy» degan ismlar uchraydi. Eshitganmisan? Menga oʻxshagan chol sakson yoshida oʻgʻil koʻrsa farzandiga shunaqa ism qoʻyadi. Kulyapsanmi, ishonmayapsanmi? Ha, bola-ya! Qarab tur, Ivanich bilan ovora boʻlib bu yerda ushlanib qolsam, Mashami yo Dashami deganining boshini aylantirib ketaman. Kelasi yili shahringda menga oʻxshagan oʻgʻil bola tugʻilsa, ana undan keyin gapimga ishonasan. Nima deding, qaytar-chi? Masha-Dashalarning menga oʻxshaganlarga koʻzlari uchib turgani yoʻqmi? Hazilni ham olarkansan. Qoyilman. Menam hazillashdim. Yana «O'zbekning chollari shilqim boʻlar ekan», deb yurmagin.

Ivanichning eng yaramas odati - xotinboz edi. Biron xotinning etagini shamol xilpiratib koʻysa ham ogʻzining suvi kelib turardi. Men koʻp ogohlantirganman. Oqibatda xor boʻlasan, deganman. Oilali odam oilasiga xiyonat qilsa, uyiga buzuqlikni ilashtirib kirsa Xudo kechirmaydi. Mana, qizi nima ahvolga solibdi. Aslida qizini ayblash kerakmas. U oʻsha qiliqlarining mukofotini olib yotibdi.

Xotini besh-oʻn kunga uyiga ketgan kuni uyining kalitini berib, zoʻr ziyofatga tayyorgarlik koʻrib qoʻy, dedi. Bajardim. Kechga tomon bir marjani boshlab keldi. Uyida maishat qilmoqchi. O'ziniyam, marjasiniyam xaydab yubordim. Xotini qaytgunicha kalitni bermadim. Tumtayib yurdi-ku, ammo chidadi, menga qattiq gapirmadi. Uning bu xurmacha qiliqlari jonimga tegib ishdan shart boʻshab ketdim. Shunisiga chidashi qiyin boʻldi. Menga oʻrganib qolgan ekan. Kunda boʻlmasa ham kun ora uyimga kelib turdi. Ishga qaytgin, demadi. Demagani ham toʻgʻri. Agar tuzukroq bir lavozimni egallab tursaydim, joyingga qayt, deb yalinsa.

O'shandan sal keyinroq bir gap aytdi, eshitsang ishonmasliging mumkin. Gapiraveraymi, Ivan bola? Faqat «yolgʻon» demaysan. Bunaqa gapga yolgʻon aralashtirib boʻlmaydi. Men Xudodan qoʻrqadigan odamman. Bir kuni ishida sal koʻngilxiralik boʻlganmi, har holda mashqi past ahvolda uyimga keldi. Bir piyola choyni ichdi yo ichmadi. Men «nima boʻldi?» deb hadeb soʻrayvermadim. Menga bildirishni lozim koʻrsa oʻzi aytar, deb sabr qildim. Lozim koʻrmadi, aytmadi oʻshanda dardini. Lekin menga tikilib qarab, kutilmaganda: «Bogdanich, senga havasim keladi», dedi. «Nimamga havasing keladi, Ivanich, mansabdor boʻlmasam, boy boʻlmasam», desam, xoʻrsinib qoʻyib: «Shu narsalar senda yoʻqligi uchun ham havasim keladi», deydi. Ochigʻi, undan bunday gapni kutmagan edim. Gapining davomi yanada hayratlanarli boʻldi: «Bogdanich, musulmon boʻlganing uchun havasim keladi senga.O'ylab qarasam, bu dunyoda yaxshi hayot kechirishning eng oson yoʻli musulmon boʻlish ekan». Ishonaver, Ivan bola, shunday dedi. Men: «Shunga aqling yetibdi, musulmon boʻla qol», desam «boʻlardimu, bitta shartini bajarishim qiyin», deydi. «Qanaqa shartidan qoʻrqyapsan?» desam, Ivanich tushmagur «xatna qilishdan», deydi. Nimaligini tushunding-a, Ivan bola. Men kuldim: «odamlar oyogʻinimi yo qoʻlinimi kesib tashlashsa ham yashab yuraverishadi, sen bir chimdim ortiqcha etni kestirishdan koʻrqasanmi?» dedim. Keyin ilmli domlalardan soʻrab, bildim, katta odamlarga xatna shart emas ekan. Lekin Ivanich baribir musulmon boʻlmadi. U xatnadan qoʻrqmagan edi. Uning irodasi boʻsh edi. Nafsini idora qila olmasdi. Nafsini idora qilishga ojiz odam musulmon boʻla olmaydi. O'shanda nafsini yengganda bugun qizi uni xor qilib qoʻymasdi. Bu xorliklardan Xudoning oʻzi asrabqolardi.

Ivanich ishbilarmon edi, shuning uchun tez koʻtarilib ketdi. Oshna-ogʻaynisi ham koʻpaydi. Hadeb birovlarnikini yeb-ichib yurmasdan oʻzi ham ziyofat berib turardi. Meni ham aytardi, koʻldan kelganicha xizmatini qilardim. Shunaqa, Ivan bola, oradan yillar oʻtaverdi. Ilgari xoʻjayin-qorovul matabasida boʻlsak, keyin bora-bora aka-ukadek boʻlib ketdik. Men avvaliga shaharga yordam sifatida uy-joylarni qurib beradilaru xayr-xoʻshlashib yurtlariga qaytadilar, deb oʻylovdim. Yoʻq, baraka topgurlar oʻzlari qurgan uylardan boshpana topib bizga hamshahar boʻlibqolishdi.

Nima deysan? Keldikmi? Darvozanimi? Koʻryapman. Ichkari boqqa oʻxshaydi. Men kirib chiqay. Sen poylab turasanmi yo ketaverasanmi? Kutasanmi? E, otangga balli, Ivan bola. Kutganingga yarasha xizmat haqqingga qoʻshimcha ozgina mukofot ham beraman, yoʻq demay olasan. Mendaqalarning mukofoti tavarruk boʻladi. Agar sal uzoqib qolsam tashvishlanma. Men Ivanichni bu yerdan bira toʻla olib ketaman. Hujjatlarini toʻgʻrilashguncha vaqt ketadimi, deyman-da, a?

* * *

...Rang koʻr, hol soʻr, deydilar biz tomonlarda. Rangim oʻzgarganidan darrov sezding-a, Ivan bola? Ha, ahvol chatoq. «Kasal ekanmi?» deysanmi? Kasal boʻlsa qaniydi. Yonidan jilmay, tuzalgunicha boqardim. Ivanichni kecha qabrga qoʻyishibdi. Shu yerdagilarning oʻzlari koʻmishibdi. Yetim oʻsgan edi bola bechora, huddi yetimday ketibdi bu dunyodan. Xat joʻnatmay telgrom berganida yo telpon qilganida vaqtida yetib kelardim. Mana, kiyim-kechaklarini berishdi. Men nima qilaman? Senga qoldiraman. Toʻxta gapimni oxirigacha eshit: bilaman, sen bu matoxlarga zor emassan. Shu atrofda biron kambagʻalni topib berasan, savob boʻladi. Mana bu gazitga oʻrogʻliq pul ekan. Mening kelishimga ishonib yashabdi. Bosh vrachga tayinlab ketibdi. Men bu pulni nima qilaman? Buniyam senga beraman. O'zingga emas. Sen qabrini obod qilib qoʻyasan. Endi nima qildik, Ivan bola? Hozir cherkovga olib bor meni, irim-sirimlarni qilmay koʻmib qoʻyaqolishibdi. Mana shu puldan beraylik, pop duo qilib, uning gunohlarini Xudodan soʻrasin. Keyin bitta tuzukroq oshxonadan joy qilaylik. Pop kelsin, qariyalar uyida unga qaraganlar kelishsin, oʻzlaringning odatlaring boʻyicha eslash marosimi qilib qoʻyaylik. Bu dunyodan izsiz ketmasin. Ha, aytmoqchi, men senga mukofot bermoqchiydim, yodimdan chiqmasin. Nega olmas ekansan, olasan. Bu oʻzimning happai halol pulimdan.

Bir kunmas bir kun menikiga mehmon boʻlib borasan. O'zing bormasang bolalaring borar, men boʻlmasam uyimda oʻgʻillarim yoki nevaralarim boʻlishar. Bitta palov qarzman senda. Esingda boʻlsin, yana bu qarz qiyomatga qadar qolib ketmasin-a? Kelishdikmi, unda hayda mashinangni, Ivanichning xotirasini joyiga qoʻyay-da, kechki poezd bilan izimga qaytay.

Bu gaplarni xohlasang oshna-ogʻaynilaringga ayt. Balki bitta-yarimtasiga ibrat boʻlar. Menam yurtimga borib birontasiga aytarman. Xudo hech kimga Ivanichga berganday oʻlim bermasin.