OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiJinoyatning uzun yoʻli (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm166KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/21
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Jinoyatning uzun yoʻli (qissa)
Tohir Malik

Muqaddima

Bugun mamlakatimizda Tohir Malik kitoblari kirib bormagan xonadon yoʻq hisobi. “Shaytanat”, “Alvido, bolalik”, “Soʻnggi oʻq”... Adib asarlarida jinoyatchilik olami, uning qullariga aylanib qolgan bandalar fojiasi, ayniqsa, yoshlar, oʻsmirlarning ushbu jirkanch muhit toʻriga tushib qolganlari tahlil qilinadi.

E’tiboringizga havola qilinayotgan “Jinoyatning uzun yoʻli” risolasida oʻsmir-yoshlarning toʻgʻri yoʻldan adashishlari sabablari haqida mulohaza yuritilgan. Oʻylaymizki, sevimli yozuvchingizning ushbu asari ham Sizda katta qiziqish uygʻotadi.

Tohir MALIK

Ostona

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Bizlarni yaratgan, bu kunlarga yetkazgan, farzandu nabiralar bergan robbimiz Ollohga behisob-behisob ravishda hamdlarimiz boʻlsin. Olloh taoloni poklab yod etganimiz holda bermish eng ulugʻ ne’matlari — farzandu nabiralarimizni yomon nazarlardan, qora niyatlilarning qora niyatlaridan, zolimlarning zulmidan hamisha asramogʻini, sogʻlik va omonlik, iymon va diyonat bilan voyaga yetmoqliklarini nasib etmogʻini soʻrab duolar qilamiz.

Farzandlar haqqiga duo qilib soʻz boshlashimiz bejiz emas. Mazkur risolani qoʻlga olgan siz — azizlarning biringiz ehtimol kechagina toʻngʻich farzandingiz yoki nabirangizning tugʻilishi munosabati bilan suyunchilar ulashgandirsiz. Biringiz oʻgʻlingiz yoki qizingizni unashtirib, ularga Ollohdan baxt tilayotgandirsiz. Fursatdan foydalanib, biz ham sizga qoʻshilib ularni duo qilamiz. Yaratgan Olloh koʻp qatori ularga ham shirin-shirin farzandlar bersin.

Xonadonda farzandning tugʻilishi — Olloh nasib etgan ulugʻ ne’matga ega boʻlish beqiyos baxt hisoblanadi. Bola tugʻilishi bilan ota bilan onaning, bobo bilan buvining va boshqa qarindoshlarning qalbida shirin bir umid ham tugʻiladi. Endi xonadon kelajakda ushalajak umid bilan yashay boshlaydi. Bu umid ba’zan tilga koʻchadi: “Farzandimiz falon-falon martabalarga erishsin...” kabi niyatlar aytilib, duolar qilinadi. Farzand ulgʻaya borgan sayin qalbdagi umid qanotlarini keng yoyaveradi.

Ana shunda... Xudo koʻrsatmasinu... ammo kimlarningdir qalblaridagi umid qanotlari bexos sinadi. Kutilajak baxt qora tunga, shodlik qaygʻuga aylanadi.

Ana shunda... “Bu fojiaga kim sababchi?” “Fojia qachon boshlangan edi?”, degan savollarga javob izlash boshlanadi.

Ana shunda... Aybni oʻzimizdan emas, boshqalardan qidiramiz.

Qalbda shirin umidning tugʻilgani yaxshi. Xayrli duolar yanada yaxshi. Biroq, farzandning baxtiyorligi uchun bu kifoya emas.

Hech kim bolasi tugʻilganida “Bolam oʻgʻrilikni kasb etsin” yoki “Giyohvandlarga qoʻshilsin”, deb umidvor boʻlmaydi. Duo ham qilmaydi. Afsuskim, ayrim hollarda yaxshi umidi ushalmay, kutmagani bir fojiaga yoʻliqib, dogʻda qoladi.

Nega shunday?

Yaqinda sud idorasida bir kishining hoʻngrab yigʻlagani diqqatimni tortdi. U sud hukmidan norozi boʻlib, “Oʻgʻlim oʻgʻri emas, u mollarni sotgan xolos, oʻgʻirlanganini bilmagan”, deb yigʻlardi. Unga kimdir achinardi. Kimdir esa... Biz ham achinamiz. Har holda oʻzi yemay yedirib, oʻzi kiymay kiydirib, bolasining oyogʻiga tikon kirsa oʻz qalbi yaralangan ota yoki onaning bunday fojiaga duch kelgandagi ahvolini tushunish kerak. Lekin bu jinoyatga olib kelgan u z u n yoʻlni ham diqqatdan qochirmaslik lozim. Biz “uzun” soʻziga bejiz urgʻu bermadik. Shunchaki “Jinoyat yoʻli”, deb qoʻysak ham boʻlardi. Oʻylab qaralsa, bayon qilganimiz jinoyatning tarixi uzun emasdek: kimdir oʻgʻirlik mollarni olib kelib berganu yigitcha sotayotganida qoʻlga tushgan. Bu voqea uchun ota yoki onani ham ayblab boʻlmas. Lekin masalani chuqurroq tahlil etsak, oʻzgacha manzarani koʻramiz.

Bu voqeaning tahliliga nasib etsa yana qaytarmiz. Hozir esa risolani yozmoqdan maqsadimizni anglatsak: demak, jinoyatning yoʻlini “uzun” deb izohladik. Xoʻsh, bu uzun yoʻl qachon va qaysi nuqtada boshlanadi? Hech bir bola jinoyatchi boʻlib tugʻilmas ekan, hech bir ota-ona farzandining yomon yoʻllarda sanqishini orzu qilmas ekan, hayot yoʻlining qaysi nuqtasida noxush burilish sodir boʻldi? Bu burilishni kim birinchi boʻlib payqashi, kim birinchi boʻlib chora koʻrmogʻi joiz edi? Ota-onami, maktabmi, militsiyami yo qoʻni-qoʻshnilarmi? Mazkur risola orqali sizlar bilan shu xususda bahs yuritishni niyat qilganmiz. Avvaldan uzr soʻrab aytamizki, maqsadimiz siz azizlarga aql oʻrgatish emas. Mazkur risolani qoʻlga oluvchilar orasida hayotning eng murakkab muammolariga ham javob topishga qodir donishmand birodarlarimiz borligini hozirdan sezib turibmiz. Biz ham koʻp qatori hayotni, xususan oʻsmirlar hayotini, yanada aniqroq aytsak, jinoyat olamiga kirib qolganlar hayotini kuzatib, tahlil qilib, ma’lum bir fikrlarga kelganmiz. Bayon qilajagimiz fikrlar sizlarni balki oʻylantirar, balki rad etarsiz. Shu bois ham risoladan maqsadni sizlar bilan gʻoyibona tarzda boʻlsa ham bahslashmoqdan iborat, deb belgiladik.

Demak, siz bilan bizni qiziqtirgan dastlabki masala:

Burilish nuqtasi yoki “kim aybdor?”

  • “Falonchi”ning kasri

  • Bigizga aylangan toʻgʻnagʻich

  • Oʻgʻrining bolasi — oʻgʻrimi?

  • Oʻgʻil isyon etdimi?

Masalani “burilish nuqtasi” deb belgiladigu ammo, bunga hech kim aniq javob berolmasa kerak, deb oʻylaymiz. Har bir jinoyat yoʻlining oʻziga xos boshlanish nuqtasi mavjudligi ma’lum. Uni belgilashda ota-ona bir, maktab boshqa, militsiya esa, oʻzga fikrda boʻladi. Yuqoridagi voqeaga qaytsak, militsiya uchun muhimi — oʻgʻirlik mollar sotilayotgan paytda jinoyatchi qoʻlga olindi. Sotuvchi oʻsmir maktabda yaxshi oʻqiganmi, otasining gapini ikki qilmaganmi kabi masalalar militsiyani mutlaqo qiziqtirmaydi. Agar bu voqeadan maktab ahli xabar topsa “Otasi bolaning oʻqishidan boxabar boʻlib turganida, maktabdan chiqarib olmaganida boshiga bu tashvish tushmas edi”, degan xulosaga kelishadi. Demak, ular toʻgʻri hayot yoʻlining jinoyat soʻqmogʻiga buriluvchi nuqtasini aynan bolaning maktabdan ketgan onidan deb belgilashadi. Ota-ona esa bolaning bozorda “falonchi” bilan topishib qolgan kunini la’natlashadi. “Oʻsha “falonchi” bilan yaqinlashmaganida bu koʻrgilik yoʻq edi”, degan toʻxtamga kelishadi.

Bizningcha esa, bu baloli yoʻlning boshlanishini ancha ilgariroqdan izlash kerak boʻladi. Bir rivoyatni turli xilda koʻp eshitamiz: ota donishmanddan “Bolamning tarbiyasini qachon boshlay?” deb soʻrabdi. “Bolangiz necha yoshda?” deb qiziqibdi donishmand. “Bir oylik boʻldi”, degan javobni eshitgan donishmand: “Bir oy kechikibsiz”, degan ekan. Bu gap ayrimlarga shunchaki olib qochishdek tuyuladi. Koʻpchilik bolani tugʻilgan onidan boshlab qanday tarbiya qilish mumkinligini tasavvur eta olmaydi. Bola uch kunligidayoq onasini boshqalardan ajrata olishi toʻgʻrisidagi haqiqatga ham ayrimlar ishonishmas. Unda mana bu ilmiy tadqiqotga nima deymiz? Tadqiqotchi olimlar bir homilador ayolga har kuni ayni bir vaqtda faqat bitta ertakni soʻzlashgan. Bola tugʻilib, olti yoshga yetganda turli ertaklarni soʻzlab bera boshlashgan. Ayol homiladorlik davrida tinglagan ertakka gal kelganida, dastlabki jumlalarni eshitiboq bola “Men bu ertakni bilaman”, deb soʻzlab bergan. Bu rivoyat emas, ilmiy haqiqat! Demak, bola onaning qornida ekanidayoq tashqi dunyo bilan aloqada boʻlar ekan. Shundanmikin, donishmandlar “tarbiya bola tugʻilmasidan avval boshlansa yanada yaxshi”, deyishgan ekan.

Roviylar derlarki, bir shaharning meshkobchisi taqvodor donishmandga arz qilibdi: “Oʻgʻlingiz har kuni bigiz bilan meshlarimni teshyapti. Sizday ulugʻ odamning farzandiga shu ish munosibmi?” Donishmand mulzam boʻlib, uzr soʻrabdi, meshlarning haqqini toʻlabdi-da, xotinini chaqirib voqeani bayon qilibdi. Soʻng “Biz bolamizga bunday tarbiya bermagan edik. Luqmasiga harom aralashib qolmadimi ekan?” — deb soʻrabdi. Xotini picha oʻylagach: “Ey xojam, siz nima topib kelgan boʻlsangiz biz oʻshanigina yeymiz. Bizdan gumoningiz nooʻrindir”, — debdi. Donishmand esa: “Men uyga harom luqma keltirganimni eslay olmayapman. Tongga qadar yana oʻylaylik”,- debdi. Tongda xotini aybdor odamning siniq ovozi bilan debdi: “Ey muhtaram xojam, bir voqeani bexos yodladim: shu bolaga homilador ekanimda mehmonga borib edim. Dasturxon noz-ne’matga toʻla edi. Undagi poʻrtaxoʻl (apelsin) ishtahamni qitiqlab, nafsimni oʻzimga hukmron qilib qoʻydi. Eshitib edim-ki, homiladorlik chogʻida ayol yegisi kelgan narsadan tatib koʻra olmasa bolasi nogiron boʻlib tugʻilmogʻi mumkin ekan. Mezbon nechundir “oling, yeng” demadi. Nafsim esa, tinchimadi. Oqibat, mezbon chiqib ketgach, poʻrtaxoʻlni qoʻlimga olib, toʻgʻnagʻich ignasi bilan asta teshdim-da, bir tomchi sharbatini simirdim. Soʻrab olinmagani uchun balki shu luqma harom boʻlgandir?” Xotinining iqrorini eshitgan taqvodor donishmand: “Ha, barakalla! Anglab yetibsiz. Siz oʻn yil avval rizoliksiz qoʻlga olgan kichkina poʻrtaxoʻl bugun katta meshga, toʻgʻnagʻichingizning kichkina ignasi esa, endi oʻgʻlingiz qoʻlidagi bigizga aylanibdi. Tezda oʻsha xonadonga boring-u voqeani bayon qilib, oʻsha bir tomchi sharbat uchun rozilik oling”, — degan ekan.

Hali tugʻilmagan bolaning tarbiyasi haqida gapirilganda istaymizmi-istamaymizmi, nafs va luqmai halol haqida oʻylab koʻrishimizga toʻgʻri keladi. Bolani halol yoʻl orqali topilgan osh-non bilan taomlantirmoqlikning afzalligi haqida barcha zamonlarda, barcha jamiyatlarda, barcha dinlarda ta’kidlanib kelingan. Harom yoʻl bilan, ya’ni, birovning haqiga xiyonat qilib, kimnidir norizo etib topilgan nonning oqibat halokat keltirmogʻidan ogohlantirishgan. Birov bu ta’kidlarga, bu ogohlantirishlarga quloq tutgan. Luqmaning halolligiga qat’iy rioya qilgan. Bir emas, yarim kosa taom bilan kifoyalangan, yilda uch-toʻrt emas, ikki-uch yilda bir yangi kiyim kiygan, sabrni har narsadan ustun qoʻygan va buning evaziga ikki dunyo saodatini topgan. Boshqa birovlar esa, bu ta’kid, ogohlantirishlarni nazar-pisand qilmagan. Oqibatda ham jismoniy, ham ruhiy azoblar bilan «taqdirlangan».

Bir rivoyatni aytib berishgan edi. Insonning tarbiyasi uchun foydali, deb oʻylaymiz. Hali tugʻilmagan bolani halol luqma bilan ta’minlash haqidagi fikrimizni shu rivoyat bilan quvvatlantirishni lozim topdik:

Bir bola yurtning donishmand kishisiga salom bergan ekan, u zot alik olib “Ha, haromi, senmisan”, — deb qoʻyibdi. Bu gapdan bolaning koʻngli ogʻrib, uyiga yigʻlab boribdi. Bolaning otasi voqeadan ogoh boʻlgach, ajablanib, Donishmandga uchrab debdiki: “Ey hurmatli zot! Meni xotinimga oʻzingiz nikohlab qoʻygan edingiz. Bizning farzandimiz nechun haromi boʻlsin?” U otaning norizoligiga javoban aytibdiki: “Nikohlab qoʻyganim rost. Ammo, falon yilning falon kuni sen koʻchadan oʻtaturib katta bir oʻtinni koʻrdingu uni uyingga olib kelding. Xotining shu oʻtinni yoqib taom pishirdi. Ikkoving shu taomni yedilaring va qoʻshildilaring. Buning oqibatida shu bolang tugʻildi. Oʻylab koʻrchi, oʻsha oʻtinni sen halol yoʻl bilan topib, uyingga keltirganmiding?”

Deydilarki, “Qush uyasida koʻrganini qiladi”. Izoh berishimiz mumkinki, qush hali uyasida koʻrmasidanoq nimalar qilishni biladi. Inson bolasiga kelsak, aytadilarki, bola uyida namoz oʻqiyotgan ota-onasini koʻrsa u ham shunga ergashadi. Chekayotgan yoki ichayotgan ota-onani koʻrib ularga taqlid qiladi, ularning qiligʻini qaytaradi. Bolalarning “mehmon-mehmon” oʻyinini kuzatsangiz bunga guvoh boʻlishingiz mumkin. Bola nihoyatda sinchkov, nihoyatda kuzatuvchan boʻladi. Siz bilan biz e’tibor qilmagan harakatni darrov oʻzlashtiradi, siz bilan biz e’tiborsiz aytib yuborgan soʻzni qulogʻiga darrov quyib oladi. Lekin namozxonning bolasi hamisha ham namozxon boʻlavermaydi, aroqxoʻrning bolasi esa, aroqxoʻrlikni kasb qilmaydi. Bunga nima deymiz? Koʻp hollarda ziyrak bolalar aroqxoʻrlikning halokatli oqibatini yosh ekanliklaridayoq tushunib yetadilar. Otalarining yoki onalarining bu sharmandali hollaridan uyaladilar. Aroqxoʻrlikka qarshi qalblarida nafrat uygʻonadi va ular shu nafrat bilan ulgʻayib, bu illatdan uzoqlashadilar. Endi namozxonning benamoz far

zandlari haqida soʻzlasak: ulamolardan biridan “Ilmli, hatto qori odamlarning farzandlari nima uchun e’tiqodsiz chiqib qolishadi?” — deb soʻraganimizda u janoblari “Oʻsha ilmlilar tomoqlaridan oʻtayotgan taomning halol yoki haromligiga bee’tibor boʻlganlar. Bu demak, ilmlariga amal qilmaganlar. Buning mukofotini esa, farzandlari orqali oldilar”,- deb javob qaytardilar. Biz bu javobdan qanoatlandik. Sizga ham bu xulosa ma’qul tushar, deb oʻylaymiz.

Tibbiy jihatdan, aniqrogʻi irsiyat qonunlari doirasida kuzatadigan boʻlsak, ota-onalarda mavjud xafaqonlik, sil, qand kabi xastaliklar oradan yillar oʻtib farzandda bosh koʻtaradi. Ota-onaning tashqi koʻrinishlari, ovozi, hatto yurish yoʻsini ham farzandga koʻchadi. Shunday ekan, fe’l-atvori ham oʻtishi ma’lum. Ayni shu oʻrinda bahsli mulohaza uygʻonishi mumkin: demak, oʻgʻrining bolasi oʻgʻri, toʻgʻrining bolasi toʻgʻri boʻlarkan-da? Farzand ota-onasining yomon illatlaridan qutula olmas ekanda? Biz bu da’voni inkor etuvchilar qatoridamiz va avvalroq bayon etgan fikrimizda sobit qolamiz. Hindlarning “Daydi” degan bir filmi boʻlardi. Raj Kapurni ilk marta tanitgan bu filmni oʻtgan asrning elliginchi yillarida odamlar yigʻlab-yigʻlab tomosha qilishardi. Filmda muhim ijtimoiy masalalar kun tartibiga qoʻyilgan edi. Jaga ismli oʻgʻri sudyaning “Oʻgʻrining bolasi oʻgʻri boʻladi”, degan shiorini yoʻqqa chiqarish uchun uning oʻgʻlini oʻgʻri qilib tarbiyalaydi.

Shoirlar hayotni gulshanga qiyoslashadi. Chindan ham jinoyatlardan xoli hayot beqiyos darajada goʻzaldir. Ammo, afsus shuki, bu gulshan orasida tikanaklar ham mavjud. Diyonat olami bilan yonma-yon shaytanat olami ham yashaydi. Ular orasida mustahkam devor yoʻq. Adashgan banda, ayniqsa yosh chogʻida shaytonlar yetovidagi olamga oʻtib qolishi mumkin. Bu olamning faqat bitta yoʻlagi bor. Bu yoʻlak har qanday odamni xorlik dashtidagi oʻlim changaliga olib boradi.

Yusuf Tovasliy hazratlari bir rivoyat aytadilar:

Xalifa hazrat Umar yaqinlari bilan suhbat qurib oʻtirganlarida bir keksa odam xonaga oʻgʻlini boshlab kirib shikoyatini bayon qilibdi:
— Ya Amiral-moʻ’minin! Koʻrib turganingiz bu yigit kaminaning oʻgʻlidir. Ammo, u farzandlik burchidan boʻyin tovlaydi, soʻzlarimga quloq osmaydi.

Bu shikoyatni eshitib ajablangan hazrat Umar nobop oʻgʻilga xitob qilibdilar:
— Ey oʻgʻil, sen Ollohdan qoʻrqmaysanmi! Oʻgʻilning otaga qarshi chiqmogʻini qaydan oʻrganding? Otangning senda haqlari bor, ularni qanday uzmoqchisan?

Yigit bir oz mulzam boʻlgani holda asta javob qaytaribdi:
— Menga bagʻoyat toʻgʻri tanbeh berdingiz, ya Amiral-moʻ’minin. Otaning oʻgʻilga boʻlgan haqlari benihoyadir. Ammo, farzandning ham ota-onada haqlari bormi? Otaning oʻgʻil oldida burchlari yoʻqmi?

Oʻgʻilning itoat hududida turib, donolik bilan bergan savoli hazrat Umarni ta’sirlantirib, u zot batafsil javob qaytaribdilar:
— Shubhasizki, otaning burchlari mavjud. Bu burchlarning ayrimlariga hali bola tugʻilmasidan avval rioya etmoqqa majbur. Xususan, uylanish vaqti kelganida nomusli ayolni nikohiga olishi kerak, toki bola tugʻilgach, onasining oʻtmishidan uyalmasin. Farzand tugʻilgach, unga yaxshi ism qoʻyishi joiz, toki bola oʻzining ismini eshitganida izza chekmasin. Bolaga yaxshi tarbiya berishi, xususan, aqli yetganicha dinni oʻrgatmogʻi shart, toki farzand bolalik chogʻidanoq toʻgʻri yashamoqlikning sirlaridan xabardor boʻlsin, hayotning tikonli soʻqmoqlarida qoqilib aziyat chekmasin. Soʻng esa, uylanish yoshiga yetganida besabab paysalga solmay, aqlli, iffatli, bokira qizga uylantirishi zarur. Buning aksi boʻlsa, farzandiga yomonlik qilgan boʻladi. Chunki ota-onaning yomon fe’li bolaga ham oʻtadi. Shuning uchun nomus ahlidan birini topish ota-ona burchidir.

Hazrat Umarning javobini eshitgan yigit, soʻzlamoqqa izn soʻrab debdiki:
— Ayni hikmatlarni soʻzladingiz, ya Amiral-moʻ’minin. Ammo, haqiqat shuki, siz bayon etganlarning hech birini otam ado etmaganlar. Bu burchlarini bajarmaganlar. Onam boʻlmish ayolni qul bozoridan sotib olib, fe’l-atvorlarini, nasl-nasablarini bilmaganlar. Siz chiroyli ism qoʻymaklikni ta’kid etdingiz. Otam esa “Jual”, (ya’ni sahroning qora qoʻngʻizi) deb ism qoʻyganlar. Tarbiya bermakni, dinni oʻrgatmaklikni butkul unutganlar. Yoshim anchaga bordi, biroq, uylantirish haqida oʻylamaydilar.

Yigitning soʻzlaridan ta’sirlangan hazrat Umar shunday debdilar:
— Ey odam! Sen oʻzingni “otaman” deb da’vo qilyapsan. Yana “Oʻgʻlim menga isyon qiladi, gaplarimga quloq solmaydi, menga azob beradi”, deb noliyapsan. Aslida esa, sen oʻgʻlingga isyon etgansan. Oʻgʻlingga yomonliklarni ravo koʻribsan. Unga sen oʻzing jafo qilibsan. Xatoni sen qilgansan. Endi men senga nimani ravo koʻrishim mumkin? Endi senga men qanday yordam beray? Endi harna boʻlsa ham chidaysan — boshga tushganni koʻz koʻrar. Oʻzingga oʻzing yomonlikni ravo koʻribsan, boshqalardan ayb qidirma...

Rivoyatdan ma’lum boʻlyapti-ki, biz izlayotgan jinoyat yoʻliga burilish nuqtasini faqat onaning homiladorlik vaqtidan emas, balki undan ancha ilgariroqdan izlasak ham boʻlar ekan. Sharafli hadislarning birida zikr etilishicha, bola pok ravishda tugʻilarkan. Uning oqibatda moʻ’min yoki kofir boʻlmoqligi esa, ota-onaning tarbiyasiga bogʻliq ekan. Mazkur mazmunni suhbatimiz mavzuiga koʻchirsak, bolaning toʻgʻri yoki jinoyat yoʻlini tanlashi ota-onaning hatti-harakati bilan belgilanarkan. Aybdorlarni maktabdan yoki militsiyadan qidirmogʻimizda esa, ma’no yoʻqligini inkor etmasak ham boʻlar. Zotan, ma’lum nuqtalarda ularning xatosi tufayli ham asosiy burilish nuqtasi sodir boʻlmogʻi mumkinki, bu haqda ham oʻrni kelganda fikrlashamiz. Mazkur bobga yakun yasashdan avval uzoq tarixga ega boʻlgan, koʻpgina manbalarda turli koʻrinishda zikr etilgan rivoyatni eslaymiz:

Uch-toʻrt yoshli goʻdak qoʻshnisinikidan tuxum olib chiqib onasiga beradi. U bu qilmishining oʻgʻirlik ekanini bilmaydi. Tuxum koʻziga chiroyli koʻringani uchun olgan. Harom va halolning farqiga borishi lozim boʻlgan, ammo, bunga amal qilmaydigan johil ona esa, bolasini qaytarish oʻrniga tuxumni uning qoʻlidan olib:
— Mening aqlli bolaginam, onasiga mehribon shiringinam, — deb alqaydi.

Bola esa, qoʻshnisinikidan tuxum (oʻgʻirlab) olib chiqishni odat tusiga kiritadi. Chunki onasining maqtovlaridan bu ishni xayrli deb biladi. Oqibatda bola ulgʻaygani sayin oʻgʻirlik miqdori ham orta boradi. Tuxumdan tovuqqa, tovuqdan qoʻyga... Nihoyat, u ashaddiy jinoyatchiga aylanadi-yu, qoʻlga tushib oʻlimga hukm qilinadi. Ona esa yolgʻiz oʻgʻliga shafqat qilishlarini soʻrab yolboradi. Onaning iltijolari e’tiborsiz qoldirilib, oʻgʻri yigit dor ostiga keltirildi. Unga: “Soʻnggi tilagingni ayt, bajaraylik”, — dedilar. Yigit: “Oʻlimim oldida onajonimning tillaridan bir oʻpay”, — deb iltimos qildi. Onani yaqin keltirdilar. Yigit onasining tilini oʻpish oʻrniga tishlab uzib tashlaydi. Olomon: “Bu qattol buncha bemehr ekan”, — deb uni la’natlaydi. Shunda yigit: “Meni jinoyat yoʻliga burib, dor ostiga olib kelgan shu tildir. Avval u jazo olmogʻi kerak edi”, — degan ekan.

Endi bozorda oʻgʻirlik molni sotib jazolangan yigitning otasini eslaylik: uning tili farzandiga “Bolam, sen hali yoshsan, bozorga intilaverma. Bozor shaytonning masjidi ekan, unda har turli nayranglar borki, yaxshi yomonni ajratishga hali sening murgʻak aqling zaiflik qiladi. Birov senga molini arzonroqqa sotishga intilsa, bilki, u mol gumonlidir. Koʻproq foyda olish hissi koʻzlaringni koʻr qilib qoʻymasin...” — dedimi ekan? Demagandir... Bu kabi tanbehlarni kim berishi kerak edi? Ota ayblayotgan militsiyami yoki sud idorasimi yoki maktabmi? Yigit belgilangan jazo muddatini oʻtab chiqqanidan keyin shubhasiz, boʻlib oʻtgan voqea oilada muhokama qilinadi. Ajab, ular qanday xulosaga kelishar ekan? Ota yoki ona “Bolam, endi bozorga yoʻlama, bu sen qiladigan ish emas ekan”, deyisharmikin? Bizningcha, ular toʻgʻri xulosa chiqara olmasalar kerak. Aksincha, qamoqdan qutqarib qolishga yoki boshqa ishlarga sarflangan xarajatlarni chiqarib olishni oʻylashar. Ana shunda hayot yoʻlidagi ikkinchi burilish nuqtasi boshlanmasa edi... Koʻr hassasini bir marta yoʻqotadi, deyishadi. Basir koʻzlar esa, ketma-ket yoʻqotaveradilar, afsusli yeri shunda...

Bolalar xossatan ma’lum bir oilaning farzandi, ommatan esa, mamlakatning, butun

dunyoning farzandidir. Ular, ijtimoiy-siyosiy hayot nuqtai nazaridan qarasak — ertaning tarixini yaratuvchilardir. Oilaviy tomondan olsak, ular ham ertami-indin ota-ona boʻladilar. Ertami-indin ular ham oʻz farzandlarini tarbiya etadilar. Ayni zamonda (agar tirik boʻlishsa) oʻz ota-onalariga mehribonlik qiladilar. Qur’oni karim oyatidagi ta’bir bilan aytilsa, xokisorlik qanotlarini pastlatmoqlari (farzand ota-onaning huzurida oʻzini qanchalik xokisor tutsa, shunchalik yaxshi) lozim boʻladi. Bizning farzandlarimiz — bizning qariligimizdir. Toʻgʻri tarbiya — xayrli oqibat, ya’ni saodatli qarilik. Yomon tarbiya — gʻam-alamga, xorlikka qorishgan qarilikdir. Faqat bugina emas, el-yurt oldidagi burchimizni bajara olmaganimiz oqibatida boʻynimizga tushadigan gunohdir. Ayrim ota-onalar uchun esa, tavqi la’natdir. Olloh shunday boʻlishdan asrasin, hidoyatdan adashtirmasin.

Tarbiya borasidagi ota-ona burchi haqida gapirilganda qavm- qarindoshlarning mas’uliyatini ham nazardan chetda qoldirmaslik zarur. Ota-ona farzandidan shikoyat qiladigan boʻlsa, avvalo bolaning togʻasi yoki ammasiga, xolasi yoki amakisiga murojaat etadi, maslahat soʻraydi yoki “nasihat qilib qoʻyishini” soʻraydi. Ayni zamonda bola ota-onasidan arazlasa, u ham birinchi galda koʻngliga yaqin olgan qarindoshlarinikiga boradi. Ba’zan “shu yerda qolaman, uyga bormayman”, deb oyoq tirab ham oladi. Xoʻsh, bu holda qarindoshlar qanday yoʻl tutishlari kerak, bu ham bizlarni oʻylatadigan muammolardan biridir.

Agar e’tibor berilgan boʻlsa, “Kim aybdor?” degan savolga aniq javob qaytarolganimiz yoʻq. Soʻzlarimiz quruq boʻlib qolmasligi uchun kichik tadqiqot oʻtkazdik. “Bolaning yomon yoʻlga kirib ketishiga kim aybdor?” degan savolni oʻrtaga qoʻyib, unga:

1. Ota-ona.

2. Maktab (litsey, kollej).

3. Militsiya.

4. Mahalla, qoʻni-qoʻshni.

5. Televidenie, video — degan javoblarni havola qildik. Umumiy hisobda, taxminan yigirma foiz kishi — ota-ona, oʻn besh foizi — maktab, oʻn foizi — militsiya, oʻn besh foizi - mahalla va qoʻni-qoʻshni, soʻralganlarning oʻttiz besh foizi esa, televidenie, videoni aybdor, deb javob berdilar.

Javoblar xulosasini “umumiy hisobda, taxminan” deb belgilaganimizning sababi bor. Soʻrov bir emas, bir necha joylarda, turli kasb egalari orasida oʻtkazildi. Javoblar ham bir-biridan keskin farq qildi. Bir mahalladagi soʻrovda ishtirok etganlar ota-onani koʻproq aybdor, deb bilsalar, boshqa mahallada aksincha boʻlib chiqdi. Faqat bir javob: “televidenie va video aybdor”, degan fikr barcha yerda gʻolibligicha qolaverdi. Bolalar qamoqxonasida farzandlarini yoʻqlab kelganlarga shu savol berilganda “ota-ona aybdor”, degan javob oʻn bir foizni tashkil etdi. “Militsiya aybdor”, degan javob esa, eng koʻp foizni tashkil qildi.

Mazkur tarzdagi tadqiqot kengroq miqyosda, qayta-qayta oʻtkazilgan taqdirda ham foizlardagi farq oʻzgarishi mumkin, ammo mutlaq toʻxtamga kelish mumkin emas. Chunki jinoyatlarga doir holatlar hamma yerda har xil. Odamlarning kuzatish nuqtalari ham turlicha. Tahlil qobiliyatlari ham bir xil emas. Masalan, soʻrov muallimlar orasida oʻtkazilsa “oʻqituvchi aybdor”, degan javob eng kam foizni tashkil qilishi tayin. Bir maktabdagi soʻrovimizda bu javobga faqat bittagina odam ovoz beribdi. Militsiya xodimlari orasidagi soʻrovning natijasi ham shunga yaqin.

Bolalarning jinoyat yoʻliga kirishiga maktab aybdor emas, deguvchilarning dalillari bor: agar kunu tun yigirma toʻrt soatni tashkil etsa, shundan 8—9 soati uyquga ketadi. Bola 5—6 soat mobaynida maktabda boʻladi. Qolgan payt uyda, ota-onasi bagʻrida boʻladi. Shu 5—6 soat mobaynida bolaga ilm berilsinmi yo tarbiya qilinsinmi? Durust, hozir “odob darsi” tayin qilindi. Lekin, bolaga bir haftada bir-ikki soatni tashkil etuvchi bu darsda odob berib boʻlarmikin? Bu dars sahro bagʻriga tomgan yomgʻir tomchisi kabi boʻlmasmikin? Maktabda “soʻkish yomon illat”, deyilsa-yu, uyda otaning tili soʻkishdan boʻshamasa. Bola qaysi tarbiyaga ogʻadi?

Agar oʻsmirning nasha chekayotganiga shubha tugʻilsa, yoki bu holat isbotini topsa, ota-onasi chaqirilib bu noxushlik bildirilsa qanday javob boʻlishini tasavvur etib koʻring. Ota yoki onaning aksari “Ogohlantirganingiz uchun rahmat”, demaydi, aksincha “Koʻrib olganingiz mening bolam, nuqul yomonlaysiz”, deb janjal koʻtaradi. Shunday voqeaga guvohmiz. Maktabning ogohlantirishiga quloq osmagan ota-ona vaqt oʻtib, bola qamoqqa tushganida ham maktabni ayblashdan toymadi. Ayrim hollarda maktabning aybi borligi inkor etilmaydi. Ammo, mazkurda maktab mutlaq aybsiz. Bola nasha chekishni maktabda oʻrganmagan edi.

Yakshanba kuni shomga yaqin mahallaga xabar keladi: maktabning hojatxonasida uch oʻsmir nasha chekishayotgan ekan. Mahalla faollari bilan militsiya noziri borishadi. Kayfdagi bolalar militsiyaga emas, mahalla idorasiga olib kelinadi. Uylariga qoʻngʻiroq qilinadi. Birining otasi “Borishga vaqtim yoʻq”, — deb javob beradi. “Oʻgʻlingiz nasha chekar ekan, shuni bilasizmi?” — deb soʻralib, “Bilaman, nima qilsalaring qilaveringlar”, — degan javob eshitiladi. Uch nashavand oʻsmirning ota-onalari ham maktabni ayblashlari ajablanarli. Maktabning hojatxonasida chekishsa maktab aybdor boʻlib qolmaydi-ku?

“Kim aybdor?” masalasidagi talashuv azaldan mavjud. Yigirmanchi asrning soʻnggi oʻn yilligidagi javoblar bahsida “televidenie” degan fikr tobora kengroq oʻrin ola boshladi. Televidenie va video ayniqsa sharqona tarbiya, odob bilan chiqisha olmay qoldi. Frantsiyalik yozuvchi Mopassan behayo voqealarni tasvir etishi bilan olam aro mashhur boʻlgan. Hindistonlik ulugʻ adib Tagor “Ishqilib mening xalqimga Mopassan yetib kelmasin”, — deb umid qilgan ekan. Tagor millatiga xos odob pokizaligini saqlash qaygʻusida shunday degan. Hind kinolarida sevishganlarning oʻpishishlarini koʻrsatmaslik shu odob talabi asosidadir. Ne ajabki, ayni shu Hindistondagi yashirin kinostudiyalar ishlab chiqarayotgan behayo filmlar dunyoda yetakchi oʻrinlarda hisoblanadi. Bugungi oʻsmir-yoshlarga Otelloning rashkli muhabbati begona, Otabek va Kumushning taqdirini yigʻlab oʻqimaydilar. Ularda surur(romantika) yoʻqmi yoki qahri qattiq boʻlib oʻsyaptilarmi? Gʻarb kinolari sel kabi yogʻdirayotgan “Erkin muhabbat” “gʻoya”si, ya’ni istagan kishisi bilan it singari qoʻshilib ketaverish odati odamiylik odobidan gʻolib kelyaptimi?

Rossiya televideniesida mash’um fojea haqida xabar berilib, bunda gʻarb kinolari ayblandi. Ma’lum boʻlishicha, oʻn olti yoshli oʻsmir uyiga sal kechroq kelganida onasi va akalari tomonidan tanbeh eshitadi. Bu tanbeh unga yoqmay, oshxonadan bolta koʻtarib chiqib onasi bilan akalarini sovuqqonlik bilan chopib tashlaydi. Qoʻrqib ketgan ukasiga pul berib, buvisinikiga joʻnatadi. Oʻzi esa xotirjam holda koʻchaga chiqib, pivoxonaga boradi. Men uning javoblarini eshitib hayratga tushdim. U oʻzini mutlaq aybdor his qilmadi. Oʻz erkini himoya qilgan emish. Nazarimda, faqat ruhiy kasal odamgina oʻz onasini chopib tashlashi mumkin. Bu oʻsmirda ruhiy xastalik alomati sezilmadi. Suhbatlashayotgan muxbirning ta’kidlashicha, yigitcha zulm, oʻldirishlarni aks ettirgan bir filmni sakson olti marta koʻrgan ekan. Muxbirning fikricha, aynan shu kino gʻoyasi bolani sovuqqon qilib qoʻygan va oqibatda onasini chopayotganda qoʻli qaltiramagan. Muxbirning xulosasiga e’tiroz bildirmaymiz. Biroq, bir savolni oʻrtaga tashlab, fikrlashga da’vat qilamiz: televidenie yoʻq paytida, bema’ni kinolar ishlanmagan davrlarda ham jinoyatlar boʻlib turardi. Bunga nima deymiz?

Boʻysunmas bolalar

  • Oʻchdan boshlangan jinoyat

  • Yolgʻon - yovuzlik timsoli

  • Yaponlar bolani jazolamaydi

  • Doʻstlik va xoinlik

Tarbiyaga oid ilmiy asarlarda “tarbiyasi ogʻir bolalar”, “ogʻir bolalar” degan atamalarni uchratamiz. Bular ruscha atamalarning soʻzma-soʻz tarjimasi boʻlgani uchun biz tilimizda mavjud “boʻysunmas” iborasini ma’qul topdik. Chunki tarbiyaning ogʻiri yoki yengili boʻlmaydi, balki tarbiya mezonlariga boʻysunmaydigan bolalar boʻladi. Bundaylarni xalqda turli nom bilan ataydilar: “shum”, “shumtaka”, “bebosh”, “bezori”, “xuligan”... (“Xuligan” — angliyalik bir bezorining nasabi (familiyasi), hech kimga soʻz bermay, janjal qilishda nom chiqargan bu yigitning nasabi dunyo boʻyicha atamaga aylanib qolgan. Avvallari bezori bolalarni “samarska”, deb ham atashardi. Oʻttizinchi yillarda Samara shahridan yopirilib kelgan och-yupun bolalar oʻgʻirlik, talonchilik bilan shugʻullanishgan. Xalq shularga oʻxshagan bolalarni “samarska” deb atagan.) Bunday bolalarni shoʻxlik bilan jinoyatchilik orasidagi toifa desak ham boʻlar. Shoʻxlik me’yoridan oshsa, shumlik boshlanadi, bu ham vaqtida toʻxtatilmasa jinoyat eshiklarini ochadi. Shu sababli ham xalqda “Shoʻx boʻlsa mayliyu shum boʻlmasin”, degan gap bor.

Mazkur bobning sarlavhasini “Qanday bolalar jinoyat yoʻliga kiradilar?” deb nomlasak ham boʻlardi. Bu savolga har kim har xil javob qaytaradi. Boʻysunmaslar faqat oʻsmir yoshida emas, balki barcha yoshdagi odamlarda uchraydi. Boʻysunmaslar kimlar? Faqat jinoyatchilar yoki jinoyat koʻchasi tomon burilayotganlarmi? Bularning barchalari albatta qamoqxona shoʻrvasini totib koʻradilarmi? Yoʻq. Boʻysunmaslik, avvalo, notoʻgʻri tarbiyaning yoki bolaga nisbatan notoʻgʻri munosabatning natijasi.

Bir necha marta qamalgan odam bilan suhbatlashganimizda u oʻzidagi boʻysunmaslikning boshlanishini, yuqoridagi ta’bir bilan aytsak, burilish nuqtasini aynan oʻziga boʻlgan adolatsiz munosabatda koʻrdi. Suhbatdoshimizning aytishicha, yettinchi sinfda oʻqiyotganida muallim uni oʻgʻirlikda ayblaydi. Gumon isbot etilmasa-da, koʻpning huzurida uni izza qiladi. Muallim oʻz xayolida oʻquvchini shu tarzda tarbiya qilgan. Bu yerda ham notoʻgʻri tarbiya, ham adolatsiz munosabat bir nuqtada uchrashib, bolaning ruhiyatini parchalab tashlagan. Uning qalbida boʻysunmaslik, oʻziga xos isyon tugʻilgan. “Sen meni oʻgʻri dedingmi, oʻgʻirlash mana bunaqa boʻladi”, deb oʻch olmoqchi boʻlgan. Islom diniga xos tarbiya usullariga koʻra, kishi bir notoʻgʻri ish qilsa, uning xatosini birodari, albatta, aytishi shart. Lekin... koʻpning orasida izza qilish yoki sharmandasini chiqarish yoʻli bilan emas, yakka oʻziga xoli joyda bosiqlik bilan tushuntirishi kerak. Sovet tarbiya usuli buni rad etdi. Koʻpning ta’siri — “kollektiv” tarbiyani ma’qul koʻrdi. Holbuki, koʻpchilik hamisha ham toʻgʻri xulosa chiqaravermaydi. Koʻpchilik oʻzining fikriga emas, balki jamoaning yetakchi shaxsi gapiga qaraydi.

Maktabda eng koʻp qoʻllaniladigan bahona — “daftarim uyda qolibdi”. Bir sinfda shunday hol yuz berganida muallim “bolalar, oʻrtogʻingiz dars tayyorlamagani uchun bahona qilib aldamayaptimi, uyiga borib daftarini olib kelsinmi?” — deb soʻraydi. Bolalar bu taklifga yuz foiz qoʻshilishadi. Muallim oʻsha oʻquvchini sinfdan chiqarib, “ketmay, shu yerda tur”, deb dahlizda qoldirib qaytadi-da: “Bolalar, koʻchada qor yogʻyapti. Sovuqda oʻrtogʻingiz qiynaladi. Balki sirpanib yiqilib tushar, balki oyogʻini sindirib olar, balki mashina urib ketar. Uni shu paytda uyiga yuborib toʻgʻri qildikmi, balki bizni aldamagandir, yubormasak boʻlardi, a?” deydi. Bolalar yana bir ovozdan “toʻgʻri, yubormaslik kerak edi, chaqirib kelaylik”, deyishadi. Muallim bu oʻrinda tarbiyaning yaxshi, ishonchli usulini qoʻllagan. Bu oʻrinda bolalarning bir-birlariga mehr-muhabbatlari, bir-birlarining taqdirlariga befarq qaramasliklari yoʻlidagi tarbiyani ham koʻramiz.

Biz “boʻysunmas” deb ta’riflayotgan bolalarning turli toifalari mavjud. Shulardan biri — qoʻpolligi, shumligi, intizomsizligi bilan ajralib turadi. Maktabda ham, mahalla-koʻyda ham bunday bolalardan bezishadi. Bu bolalar oxir-oqibat jinoyatchiga aylanishadi, deb oʻylashadi. Bizningcha, bu xato fikr. Shumtakalarning barchasi ham jinoyat olamiga qarab yurmaydi. Kattalar ularni tushunishga harakat qilishlari kerak. Intizomsizliklari sababini aniqlash zarur. Shunday sabablardan biri - ularning oʻyinqaroqligida boʻlishi mumkin. Bunday bolalarda ichki gʻayrat, ichki hayajon va shunga yarasha ma’lum bir narsaga yoki holatga nisbatan kuchli qarshilik ham mavjud boʻladi. Bunday bolalar haqida soʻz ketsa “u oʻt-olovning oʻzi”, deb ta’rif ham beriladi. Demak, kattalar oʻsha “oʻt-olov”ning alangasidan toʻgʻri foydalanishni bilishlari kerak boʻladi. Bunday bolalarga mayda ish, aytaylik, guruchning kurmagini tozalashni buyursangiz, avvalo, boʻyin tovlaydi, zoʻrlasangiz vazifani chala bajaradi. Mayda ishlarni qilishda yuragi siqilib ketadi. Oʻqishga munosabatlari ham shunday. Oʻzlariga yoqmagan fanlardan qochishga harakat qilishadi. Bunday bolalarga kuch talab qiladigan, qiziqarliroq ish topshirilsa, bajonidil bajarishadi.

Bir maktabning sport maydonchasi gʻoyat chang boʻlib, bolalar toʻp oʻynashganda devor ortidagi xonadon aziyat chekarkan. Bolalarning shovqinidan hamda maydonda koʻtarilgan changdan bezgan xonadon sohibi har kuni bolalar bilan urishadi, haydaydi. Bolalar oʻyinni bir zum bas qilishadi. Keyin davom ettiraverishadi. Mojaro toʻxtovsiz davom etadi. Man etilgan ishni bajarish yoki oʻyinni yanada baravj oʻynash bolalarga xos odat. Shu bois man etishdan avval oʻringa oʻrin boshqa biron yumushni taklif etib koʻrish kerak. Oʻsha xonadon egasi bolalarni haqoratlab, hadeb haydayvermasdan boshqacha yoʻl tutishi mumkinmidi? Aytaylik, bolalar oʻyinni boshlashganda chelak koʻtarib chiqib “Bolalarim, men sizlarga suv sepib beray, chang yutmanglar, sizlarga achinyapman”, deb ish boshlasa, shubha yoʻqki, bolalar: “Amaki, oʻzimiz sepamiz”, deb chelakni qoʻlidan olishadi. Birinchi safar chala-chulpa boʻlsa ham oʻzlari suv sepadilar. Lekin bu bilan masala hal boʻlmaydi. Suv sepishni bolalar darrovgina odat qila qolmaydilar. Buning uchun u kishi bu odobga da’vatni chidam bilan, bir necha marta takrorlashi zarur boʻladi. Agar qoʻshnilar bilan kelishib, pul yigʻib rezina ichak sotib olib berishsa yana yaxshi. Bu holatda bolalarni haydash emas, ularni sportning bu turi bilan muntazam shugʻullanishga da’vat etish maqsadga muvofiqdir. Sport maydonchasini changitib toʻp surgan bola yaxshimi yo hojatxonada biqinib nasha chekayotganmi?

Yana bir toifa bolalar borki, bular avvalgilarining aksidir. Avvalgilarida ichki gʻayrat boʻlsa, bulariga yalqovlik, dangasalik, begʻamlik, loqaydlik hukmronlik qiladi. Avvalgilari bir ishni rad etib, ikkinchisini jonu dili bilan bajarsa, bulari uchun har qanday ish jonning azobi hisoblanadi. Maydonni changitib toʻp surishga ham erinishadi. Latifanamo bir rivoyat bor: ikki yalqov yotgan uyga oʻt ketibdi. Ular oʻrinlaridan turib qochishga ham, yordam soʻrashga ham erinib yotaverishibdi. Olov birining oyogʻini kuydira boshlaganda erinibgina “Ey, Xudo!” deb qoʻyibdi. Shunda ikkinchisi sherigiga: “Men uchun ham Xudo deb qoʻygin”,- degan ekan. Kattalar orasida ham bundaylar topiladi. Dangasalikda suyagi qotgan kattalarni tarbiya etish mumkinmasdir.

Ammo bolalik va oʻsmirlikda urinib koʻrish kerak. Bu holatda kattalardan chidam va qunt bilan birgalikda ziyraklik ham talab qilinadi. Har qanday yalqov bolada yilt etgan gʻayrat choʻgʻi, oz boʻlsa-da, nimagadir nisbatan qiziqishi mavjud ekan, ana shu choʻgʻni, qiziqishni vaqtida ilgʻab ola bilish zarur. Ana shu choʻgʻni alanga oldirish tarbiyachining burchi hisoblanadi. (“Tarbiyachi” deganda biz ota-onalarni, muallimlarni, xullas, bolalar tarbiyasiga mas’ullarni nazarda tutamiz). Ana endi ikki toifa bola sizga roʻpara qilinib: “bularning qay biri jinoyatga moyil”, — deyilsa shumtakalarni koʻrsatarsiz. Holbuki, dangasalarning jinoyatchiga aylanishlari ehtimoli ham kam emas. Yalqovlarni jinoyatga nima da’vat etadi? Ular ham boshqalar kabi yaxshi yashashni, yaxshi maishatlar dengizida suzib yurishni orzu qilishadi. Ularning ma’lum bir qismi taqdirga tan berib, “bersang — yeyman, ursang — oʻlaman”, qabilida yashayverishi mumkin. Ozroq qismi esa oʻz oldiga: “Nima uchun u yaxshi yashaydiyu men muhtoj kun koʻrishim kerak?” — degan savolni qoʻyib, uni oʻzicha hal qilmoqchi boʻladi. Yalqov “U gʻayratli boʻlgani uchun yaxshi yashayapti, senam jon kuydirgin”, — degan haqiqatni chetlab oʻtib, yengilroq yoʻlni izlaydi. Bu yoʻl, shubhasiz uni jinoyat olamiga yetaklaydi. Shumtaka jinoyat olamiga adashib kirishi mumkin va intilsa, undan chiqib keta oladi. Yalqov esa ongli ravishda kiradi, undan chiqib ketishga intilmaydi. Bu olamda oʻzi orzu qilgandek yayrab-yashnamaydi. Xorlik va xoʻrlikning turli koʻrinishlarini tatib koʻradi.

Boʻysunmas bolalarning yana bir toifasiga yolgʻonchilik xos boʻladi. Islomiy jihatdan yolgʻonchilik ogʻir gunohlardan hisoblanadi. Koʻp jinoyatlarning tugʻilishi aynan shu yolgʻondan boshlanadi, desak fikrimizga qoʻshilarsiz. Frantsuzlarning buyuk adibi Viktor Gyugo “Yolgʻonchilik - yovuzlik timsoli”, degan ekan. Yana bir yozuvchisi Jyul Renar esa “Yolgʻonchilik - oʻgʻirlikdan battar”, deb ta’rif bergan. Bolalikdan yuqtirilgan bu xastalikni keyin davolash qiyin. Buni giyohvandlikka qiyoslash ham mumkin. Agar bu odam yolgʻondan sal nari ketsa atrofidagilarning barchasi unga zerikarli tuyula boshlaydi. Rus adibi Anton Chexov “Yolgʻonchi oʻlayotganida ham yolgʻon gapirib oʻladi”, deganida mutlaqo haq edi. Shu oʻrinda kattalar boladagi quruq yolgʻon bilan xayolotga moyillikni (fantaziyani) ajratib ola bilishlari kerak. Kishi yanglishgan paytda buni sezish qiyin emas, ammo aldayotganida hamma ham farqlayvermaydi. Agar yolgʻon haqiqat kabi bir xil boʻlganda aldovning teskarisini tushunish bilan masala hal boʻlardi. Haqiqat — bitta. Uning aksi boʻlmish yolgʻonning qiyofasi behisob, uning had-chegarasi ham yoʻq. Shu bois bola yolgʻon ishlata boshlaganida nihoyatda ehtiyotkorlik bilan munosabat bildirish kerak.

Ayrim bolalarda xayolot quvvati ancha kuchli boʻlib, orzu qanotida uchishni xushlaydilar. Ba’zan orzulari haqiqat kabi koʻrinishi ham mumkin. Kattalar bu paytda ularning orzularini parchalab, xayollarini boʻgʻib qoʻymasliklari lozim. Oʻt-olov bolalarning gʻayratini toʻgʻri yoʻnaltirish qanchalik zarur boʻlsa, bu orzularni ham jonlantirishga yordam berish shunchalik muhimdir. Olti yoshli bola ariq boʻyida oʻynab turib, kalishini suvga tushirib yuboradi-da, onasiga kelib: “Oyi-chi, oyi, biz ka-atta baliq tutdik”,- deydi. Ona: “Tutgan baligʻing qani?” — deb soʻraganida bola: “Oʻsha baliq kalishimni kiyib qochib ketdi”, — deb javob beradi. Shunda ona: “Yomon baliq ekan-da, endi ariq boʻyida oʻynama, kalishingni ehtiyot qil”, — qabilida shirin gap bilan bolani ovutishi yoki “Kalishingni yoʻqotdingmi, hali meni aldamoqchimisan?”- deb kaltaklab qolishi ham mumkin. Bolaning yolgʻon gapirishini oilada koʻp uchratamiz. Agar goʻdak yomon ish qilib qoʻysa bunga yarasha jazo olishini biladi va bu jazodan qochish chorasini izlaydi. Zoʻrlik mavjud joy yolgʻonchilikning tugʻilishi uchun eng qulay muhit hisoblanadi. Uning uchun eng yaxshi chora — aldov. Agar aldovi ish berib jazodan qutulib qolsa bu choraga tobora bandi boʻlib boraveradi. Bola yelkasida qanchalik ogʻir yuk borligini fahmlamaydi, bilmaydi. Dastlabki yolgʻonini davom ettirish, uni quvvatlash, haqiqatga aylantirish uchun yana oʻnlab yolgʻonlarni toʻqiydi.

Oʻn emas, ming yolgʻon toʻqiganida ham haqiqatga aylanmasligini u hali anglab yetmaydi. Kattalar esa aldovga turli munosabatda boʻlishadi. Ayrimlar “Murabboni mushuk yeb qoʻydi”, degan aldovga kulimsirab qoʻya qoladilar. Ba’zilar “piyolani opam sindirdi”, kabi aldovdan gʻazablanib ketadilar. Bu oʻrinda farzandiga “Nima yomon ish qilsang ham oʻzing tan olgin, toʻgʻrisini gapirsang jazolamayman”, deb tarbiya beruvchilarning uslubini ma’qullash mumkin. Bolada yolgʻonchilikning tugʻilishiga asosan kattalardan kutilajak jazo vahimasi sabab boʻladi. (Yaponiyada uzoq yil ishlab kelgan odamdan “Yaponlar bolalarini qaysi usulda jazolashadi?” — deb soʻralganida “Yaponlarda bolani jazolash, degan gap yoʻq”,- deb javob qaytargan edi. Xuddi shunga oʻxshash yahudiylarning tarbiyasida ham bolalar qattiq jazolanmaydi, balki har tomondan avaylab-asraladi. Ularda farzand ilohiy moʻ’jiza sifatida ulugʻlanadi. Biz biron tanishimiz yoki mehmonga bolamizni tanishtirsak, “Oʻgʻlingiz azamat yigit boʻlib qolibdi-ku”, — degan lutfiga javoban: “azamat-ku, lekin sal yalqovroqda (yoki sal ahmoqroqda)”,- deymiz. Yahudiylarda bunaqasini uchratmaysiz. Ular bolalarini faqat maqtaydilar. Zehni past boʻlsa ham “mening bolam shunday aqlli-ki...” deb alqaydilar. Biz esa haligi “sal ahmoqroq-da” degan gapimizni bolamizning oʻziga eshittirib aytamiz va bu bilan undagi yaxshilik urugʻlarini quritishga xizmat qilib qoʻyganimizni (oʻzimiz aqllimizda!) fahmlamaymiz.

Bir ayol ovqatga unnayotib goʻdagini katta qiziga beradi-da: “Ukangga yaxshi qara, yiqitsang — oʻldiraman”, — deb poʻpisa qiladi. Bunday poʻpisalarni koʻp eshitamiz, quruq gap ekanini ham bilamiz. Ittifoqo, qizcha ukasini yiqitib yuboradi, tabiiyki, goʻdak yigʻlaydi. Bolaning yigʻisini eshitgan ayol piyoz toʻgʻrayotgan pichogʻini qoʻyishni ham unutib, shoshqich ravishda chiqadi. Onasining qoʻlida pichoq koʻrgan qizcha “yiqitsang — oʻldiraman”, degan poʻpisani eslaydiyu qoʻrqqanidan tildan qoladi. Garchi ona qizini oʻldirishni xayol qilmagan boʻlsa-da, uni turli sabablar bilan tez-tez jazolab turgan va soʻnggi poʻpisa ham bolaga amalga oshuvchi hukm boʻlib tuyulgan. Bunga oʻxshagan voqea oʻzgacha oqibat bilan tugashi ham mumkin. Jamiyatda oz boʻlsa-da, bolaning uydan qochib ketish holati uchrab turadi. Qochib ketishning sabablaridan biri ota-onaning nobopligi — aroqxoʻrligi yoki tinmay janjallashishlari boʻlsa, ikkinchisi aynan oʻsha qoʻrquvdir. Yana bir sabab borki, bu haqda keyinroq fikrlashamiz.

Bolalar oʻzlariga nisbatan e’tiborsizlik mavjudligini sezsalar ham ba’zan yolgʻon toʻqiy boshlaydilar. Bunaqa hol koʻp bolali oilalarda uchraydi. Toʻgʻri, ota-ona uchun barcha farzand bir - suyumli. Besh barmoqning qay birini tishlamang, ogʻriydi. Ammo, ota-ona oʻzlari bilmagan tarzda farzandlaridan biriga koʻproq, ikkinchisiga kamroq e’tibor berishlari mumkin. Agar bolalardan biri nimjonroq yoki kasalvandroq boʻlsa, unga koʻproq parvona boʻlinadi. Bu parvonalik boshqa farzandga oʻzgacha tuyuladi. Bolalik ongi “Akang (yoki ukang) kasal, onang (yoki otang) shu sababdan unga koʻproq qarashadi”, demaydi. Aksincha, “Mendan koʻra uni koʻproq yaxshi koʻrishadi”, degan oʻksikli xulosaga keladi. Maktabda ayrim muallimlar suyukli va yoqimsiz oʻquvchilariga munosabatlarini oshkor qilib qoʻyadilar. Agar uyda oʻksigan bola sinfda ham shunday e’tiborda boʻlsa unda atrofidagilarga nisbatan norozilik, hatto nafrat uygʻonadi. Oʻzini e’tiborlilar qatorida koʻrish uchun yolgʻondan foydalanadi. Uyda maktab haqida, maktabda uy haqida yolgʻon gaplarni ayta boshlaydi.

Doʻstlik haqidagi notoʻgʻri tushuncha ham bolani yolgʻon aytishga majbur qiladi. Agar oʻrtogʻi biron nojoʻya ish qilgan boʻlsa, bola uning aybini yashirish uchun yolgʻon soʻzlaydi. Bolaga aybni yashirish emas, xatoni tuzatishga yordam berish — chin doʻstlikdir, degan tushunchani singdirish oson emas. Orada “xoinlik” degan tushuncha ham bor. Agar bola doʻstining aybini oshkor qilsa, unga “xoin” degan tavqi la’nat yopishtiriladi. Demak, yolgʻonning birinchi sababi doʻstining taqdiridan chinakamiga qaygʻurish boʻlsa, ikkinchisi “xoin” degan nom olishdan qoʻrqishdir. Koʻrinib turibdi-ki, yolgʻonning ildizlaridan biri qoʻrquvning yana bir turiga taqalyapti. Ildizlardan yana biri ikkiyuzlamachilik, laganbardorlikka ham borib ulanadi. Yuqorida zikr etganimiz — atrofidagilarning diqqatini oʻziga jalb etish istagi bolani shu yoʻlga undaydi. Boshqalarni yomonlash uchun yolgʻon toʻqiladi.

Yolgʻon xususida soʻz yuritganda hazrat Alisher Navoiyning tanbehlarini tilga olmasak boʻlmas. Hazrat debdilar-ki: “Har kimningki soʻzi yolgʻon, yolgʻonligi bilingach - uyatga qolgon. Yolgʻonni chindek gapiruvchi soʻz ustamoni - kumushga oltin qoplab sotuvchi zargar. Yolgʻon - afsonalar bilan uyqu keltiruvchi, yolgʻonchi - alahlovchi. Yolgʻon gapiruvchi gʻaflatdadir. Soʻzning bir-biridan farqi koʻpdir. Ammo yolgʻondan yomonroq turi yoʻqdir. Yolgʻon gapirish bilan oʻz vaqtini oʻtkazuvchi odam, bu qiligʻi yomon tuyulish oʻrniga, kishilarni aldagani bilan faxrlanadi ham. Yolgʻonchi oʻz gapiga goʻllik bilan quloq soluvchini topsa, ularga yolgʻonni chinga oʻtkazsa, murodiga yetgan boʻladi. Yolgʻonchi - Haq qoshida gunohkor, xalq oldida sharmanda. Bunday nahsning beor yuzi yomonlikka oʻgirilgan boʻladi. Bunday nahsga botgan odam qutlugʻ uydan nari boʻlgʻay.

Bayt:

Ul kishini qutlugʻ evdin tashqari surmak kerak,

Qutlugʻ ev dunyodurur, ya’niki, oʻlturmak kerak.”

Ya’nikim, yolgʻon soʻzlaguvchini qutlugʻ uydan surib chiqarmoq kerak. Hazrat Navoiy “qutlugʻ uy” deb dunyoni nazarda tutyaptilar, surib chiqarmoqdan murod esa — oʻldirmoqdir. Demak, yolgʻonchining jazosi oʻlimdir. Bu oʻrinda Navoiy hazratlari oʻlim jazosini tayin etganlarida jismoniy mahv etilmoqni nazarda tutmagan boʻlsalar kerak. Bunda kishidagi yolgʻonni oʻldirmoqlik, uni yolgʻonlardan xolis etmoqlikka undalgandir. Yana bir tanbehda hazrat Alisher Navoiy deydilarkim: “Kimki yolgʻon soʻzni birovga toʻnkagay, oʻz qora yuzini yogʻga bulgʻagay. Ozgina yolgʻon ham ulugʻ gunohdir. Ozgina zahar ham halok qilgʻuvchidir.

Bayt:

Zahrning oz esa miqdori dagʻi muhlikdur,

Ignaning noʻgi zaif ersa dagʻi koʻr qilur”

Ta’kid etilmoqdakim, zaharning ozginasi ham kishini oʻldiradi. Ignaning uchi kuchsizday boʻlsa ham kishini koʻr qiladi. Navoiy hazratlarining zikr etilmish fikrlari kattalarga xos. Biz oʻrganayotgan yoshlarning toifasi vaqtida tarbiya topmas ekan, jinoyat koʻchasiga kirib ketmagan taqdirda ham nahsga botgani holda xalq oldida sharmanda boʻlarkan. Oʻzining sharmanda boʻlgani mayli, lekin uning zurriyodidan nimani kutish mumkin? U bolasini qay yoʻsinda tarbiya etar ekan? “Bolam, men kichikligimda yolgʻonchilik kasaliga mubtalo boʻlib, ma’nan qashshoqlashdim, el aro obroʻsizlandim, sen bu xastalikdan qoch”, demoqlikka farosati yetarmikin? Navoiy hazratlarining ta’birlariga qaytsak, bolani yolgʻondan qaytarmaslik — unga asta-sekin ta’sir etuvchi zahar berish bilan barobar ekan. Agar bola biron ovqatdan zaharlansa darrov chora koʻrish boshlanadi. Ruhiy olamining zaharlanayotganini bilib turib nega chora-tadbir koʻrilmaydi?

Bir bola asabiyroq — arzimagan narsaga jazavaga tushadi, ikkinchisi dimogʻdor, uchinchisi chiranchoq, toʻrtinchisi arazchi, yana hasadgoʻy, jizzaki, takabbur, shuhratparast... Bular qisman tugʻma boʻlishi ehtimol, lekin mazkur illatlarning tugʻilishiga kattalarning bolaga nisbatan e’tibori sababchidir. Bu illatga uchragan bolalar bilan jamoa orasida oʻziga xos kelishmovchilik, ba’zan toʻqnashuv vujudga keladi. Ana shu toʻqnashuvda ezilayotgan bolaning jinoyat koʻchasiga burilib ketishi osonroq kechadi. Biz yaxshilik olami deb atayotgan jamoada bola doimiy kamsitilishi evaziga hech nima olmaydi. U jinoyat olamida battarroq kamsitilishi mumkin, lekin, buning evaziga u moddiy ragʻbat oladi. Bola uchun shu ragʻbat ham muhimroqdir. Undan tashqari jinoyat olami bagʻriga olgan bolani yaxshilik olamidagi e’tiborsizlik, kamsitishlardan asraydi. Kechagina

sinfda birov mensimaydigan bola jinoyatchi toʻdaga aralashib qolsa, unga nisbatan boʻlgan e’tibor oʻzgaradi. Unga zoʻrlik qilib yurganlar ham endi oʻzlarini tiyadilar. Kamsitilgan bolaga aynan shu e’tiborning oʻzgarishi muhim boʻlib tuyuladi. Bu onlarda u oqibatni oʻylamaydi.

Boʻysunmas bolalar orasida yomon oʻqiydiganlar alohida ajralib turadi. Yomon oʻqiydiganlardan maktab ahli bezor boʻladi, ulardan tezroq qutilish chorasini izlashadi. Agar majburiy ta’lim qonuni boʻlmaganda edi, maktabning oʻzi koʻp bolalarni beshinchi-oltinchi sinfdanoq haydab yuborgan boʻlardi. Sovetlar davrida maktab bunday bolalarga to sakkizinchi sinfni bitirgunicha chidardi. Soʻng hunar bilim yurtlariga joʻnatishga urinishdi. Oʻsha davrdagi tadqiqotlar xulosasiga koʻra, maktab oʻquvchilariga nisbatan hunar bilim yurti talabalari orasida jinoyatga moyillik koʻproq edi. Chunki sakkiz yil badalida maktabning qattiq nazoratida turgan bola hunar bilim yurtiga borgach, boʻshalgan qushdek oʻzini erkin his qiladi. To bilim yurti muallimlari uning fe’lini anglab yetgunlaricha u istagan qiliqlarini qilaveradi. Oʻsmir uydan ham, mahalla nazoratidan ham uzoqlashgach, jinoyat koʻchasiga yaqinlashib qolardi. Ayrim oʻsmirlar bu yangi hayotga koʻnikmay oʻqishni tashlashardi. Bolaning yomon tomonga oʻzgarayotganini sezgan ayrim ota-onalarning oʻzlari farzandlarini bilim yurtidan chiqarib olishib, yana maktabga qaytarardilar. “Nima boʻlsa ham oʻqish bitgunicha shu maktabda yura tursin”, — deb yalinardilar. Ular uchun bu nuqtada bolaning oʻqishi, ilm olishi muhim emas, muhimi — bola yarim kun boʻlsa-da, nazorat ostida yuradi.

Yomon oʻqiydigan bolalarga nisbatan koʻpincha notoʻgʻri munosabatda boʻlinadi. Diqqat qilinishi lozimki, zehn bobida barcha bola teng emas. Birovi muallimning gapini darrov anglaydi, darsdagi mavzuni sinfning oʻzidayoq oʻzlashtiradi. Ayrim bolalarga Pifagor teoremasini yigirma yil oʻrgating — foydasi yoʻq, oʻzlashtira olmaydi. Demak, oʻqishni istasa ham zehni pastligi tufayli oʻzlashtira olmaydiganlar bor, zehnli boʻla turib dangasalik qiladiganlar mavjud. Maktab ham, ota-ona ham buni ajratib olishlari shart. “Falonchi a’lo oʻqiydi, nega sen yomon oʻqiysan”,- deb bolani siqavermaslik kerak. Ba’zan “falonchi qamalibdi”, degan xabarga javoban “oʻzi maktabda yomon oʻqirdi”, degan gaplarni eshitamiz. Bu xulosalarda asos kam. Bir necha maktabdagi holat oʻrganilganda ma’lum boʻldi-ki, yomon oʻqiydigan bolalarning toʻrt-besh foizigina oqibatda jinoyat yoʻliga kirar ekan. Qamoqdagi bolalarning yetmish besh-sakson foizida esa, yaxshi oʻqishga qobiliyat mavjudligi, istak borligi aniqlandi.

Biz boʻysunmaslikka asos boʻluvchi ayrim illatlarni jinoyat koʻchasiga boshlovchi omil, deb ta’riflayapmiz. Aslida esa, bu illatlarning barchasi jinoyatning murgʻak koʻrinishidir.

E’tiboringizga havola etilgan muammolardan kelib chiqqan holda fikrlarni jamlashga harakat qilaylik. Boʻysunmas bolalarni guruhlarga boʻlib oʻrganaylik:

Birinchi guruhga jamiyat bilan ochiqchasiga kelisha olmaydiganlar kiradi. Ular jamiyatda odat tusiga kirib qolgan barcha narsalardan norozi boʻladilar, bu noroziliklarini amalda namoyon etishga urinadilar. Xushahloqlik talablarini rad etib, badahloqlikni kasb qilish ularni boshqalardan ajratib turadi. Bu bolalarda doʻstlik, qahramonlik haqidagi tushuncha buzilgan, behayolik, uyatsizlik esa, ochiq koʻrinishda boʻladi. Bu boʻysunmaslar boshqalardan farqli oʻlaroq, qoʻpol muomalali, surbet, urushqoq, bosqinchilikka moyil, dargʻazabdirlar. Xudbinlik, oʻzgalar taqdiriga befarqlik, tanballik, manfaatparastlik, yulgʻichlik, boqimandalik... illatlari oqibatda bularni jinoyat olamining bandalariga aylantirib qoʻyadi. Tarbiya bobida barchani azobga soluvchilar ham aynan shu toifadagi bolalardir. Biz bu kabi bolalarga bir oz nasihat qilamiz-u, soʻng “bu bezbetga gap ta’sir qilmaydi”, deb nari ketamiz. Nazarimizda bunday bolalarning borar joyi tayin — qamoq. Biz, kattalar ayni shu nuqtada xatoga yoʻl qoʻyamiz.

Bolasining beboshligidan kuygan ayrim ota-onalar hatto “Mayli qamashsin, oʻsha yoqdan odam boʻlib chiqadi”, — deydilar. Bu gʻoyat yanglish fikrdir. Toʻgʻri, qamoqda bolaning koʻzi ochilishi mumkin. Ammo, aksi boʻlib chiqsa-chi? Biz birinchi ogʻir guruhga mansub deb bilgan bolalar illatlarga butunlay koʻmilib ketmagan. Ularda ham yaxshi fazilatlar bor. Aynan shu fazilatlar ularni tarbiyalashda “oltin kalit” vazifasini oʻtab beradi. Ularda (avval zikr etganimizdek) sergʻayratlik, oʻz muddaosiga yetishdagi matonat, har sohada oʻzini birinchi qilib koʻrsatishga intilish... fazilatidan tarbiyachi ustalik bilan foydalanishi kerak. Bu xuddi atom quvvatini qayoqqa qarab yoʻnaltirishga oʻxshaydi. Atomdan bomba yasab, portlatib hamma yoqni vayron qilish yoki elektr quvvati olib atrofni charogʻon qilish mumkin. Bolaning taqdiri ham shunday.

Ikkinchi guruhga mansub bolalar avvalo xohish-istaklarining beqarorligi bilan ajralib turishadi. Ularda bir narsaga qat’iy intilish yoʻq. Bunday bolalar birinchi guruhga mansub tengdoshlariga ergashmoqlikni ma’qul koʻrishadi. Ammo, ular kabi jamiyatdagi ahloqiy talablarga ochiq qarshi chiqa olishmaydi. Ular oʻzlariga nisbatan ojizroq bolalarga hukm oʻtkazish yoʻli bilan ma’lum mavqeni egallashni ma’qul koʻrishadi.

Bir mahallada besh-olti bola oʻynayotgan edi. Shu koʻchada turuvchi bola uydan chiqdi-yu, oʻyinga qoʻshilmadi. Uni boshqalar chorlashmadi. Bir ozdan soʻng bolalar oʻyinni bas qilib tarqalishdi. Qoʻshilmagan bolaning oʻzi yolgʻiz qoldi. U avvaliga bir oʻzi oʻynay boshladi. Keyin boshqa bolalar koʻrinishib, oʻyinga qoʻshildilar. Bunga oʻxshash holni koʻp uchratamiz, ammo, ahamiyat bermaymiz. Bola avvalgi oʻyinga nima uchun qoʻshilmadi? Oʻyindagi bolalar undan zoʻrroqmidi? U oddiy oʻyinchi emas, yetakchi boʻlish istagida edimi? Keyingi oʻyinda u niyatiga yetdi — davraboshi boʻldi. Ahamiyat bering: u maqsadga erishishga shoshilmadi, sabr qildi, kutdi. Dastlabki davrada oʻynayotgan bolalar uni nima uchun oʻyinga qoʻshishmadi? Undagi davraboshilik da’vosini bilisharmidi yo boshqa illatlari tufayli yoqtirishmasmidi? Agar bola birinchi guruhga mansub boʻlganida chetda turib fursat poylamas edi. Dangal oʻyinga qoʻshilardi yoki oʻyinga qoʻshishlarini talab qilardi. Kerak boʻlsa, davraning zoʻri bilan mushtlashardi. Biz nazar tashlayotgan ikkinchi guruh esa, boshqacha ekaniga oʻzingiz guvoh boʻldingiz.

Bunday bolalardagi beqarorlik kattalarning e’tiboridan chetda turmasligi kerak. Ularni foydali ishlarga jalb qilishda bu ayniqsa muhim. Ular bitta ishni muqim davom ettirolmaydilar. Kattalar tomonidan majburlash ularda oʻziga xos isyonni uygʻotadi. Bir ishni uzoq davom ettirishlari uchun ulardagi yetakchilikka boʻlgan yashirin havasdan foydalanish kerak. Buning uchun ularni ishboshilikka tayin etish ham ma’qul.

Uchinchi guruhga mansub bolalarning istak - xohishlari, dunyoga qarashlari, munosabatlari, qiziqishlarida bir xillik mavjud emas. Qoʻpolroq aytilganda, nima istashlarini oʻzlari ham tayin bilmaydilar. Shu sababli mavjudlik bilan havasdagi tez-tez oʻzgarishlik orasida toʻqnashuv hosil boʻladi. Bola ongidagi oʻsha ichki toʻqnashuv ta’sirida yuradi. Bu guruhdagi bolalar avvalgilardan farqli ravishda qilayotgan ishlarining jamiyat uchun nomaqbul ekanini anglab turadilar. Ammo, bu anglash fazilati ularda hali aqida darajasiga yetmagan. Ya’ni, “bu ish jamiyatga zidmi, demak, qilmaslik shart”, degan tushuncha ularning ongiga egalik qilish qudratiga ega emas. Shu ishdan lazzat olish hissi, undagi xudbinlik illati ustun kelib, axloq talablarini chetlashga undayveradi.

Bu toifa bolalarni jamoa bilan bir ish bajarishga jalb etish, ularning tasavvuridagi qiziqarli yumushlarni amalga oshirishga harakat qilish yaxshi natija berishi tabiiy.

Toʻrtinchi guruhdagi bolalarda beqarorlik nisbatan zaifroq boʻladi. Ularning qiziqishlari hadeb turlanavermaydi. Bunday bolalarda irodasizlik, tez ta’sirchanlik, hatto yengiltaklik ustunroq turadi. Ular oʻzlarining kuchlariga ishonmaydilar. Irodasi baquvvat oʻrtoqlari oldida oʻzlarini gʻoyat ojiz his qiladilar. Bunday bolalarni biron hunarga yoki ishga jalb qilganda yaxshi gap bilan ragʻbatlantirib turish juda muhim. Bajargan vazifasi tahsinga loyiq boʻlmasa-da, unga ofarin aytib qoʻyish kerak boʻladi. Buning aksicha: “E, galvars shuni ham eplay olmadingmi!” — deb kamsitish undagi barcha qiziqish va intilishlarni oʻldiradi. Oldingi guruhdagilarga shunday deyilsa, ular: “Men qanaqa galvarsligimni senga koʻrsatib qoʻyaman”, — deb ishga qaytadan kirishishi mumkin. Bu toifadagilar esa, butunlay soviydi.

Beshinchi guruhdagilarni boʻysunmaslik koʻchasiga adashib kirib qolganlar, desak boʻlar. Ularda erksizlikka moyillik, har qanday oqimga qoʻshilib ketaverish odati kuzatiladi. Ularning qiziqishini inobatga olish muhim. Oʻzgaruvchan emas, doimiy ish bilan band etish ularning tarbiyasidagi zarur omil hisoblanadi.

Bolalar va oʻsmirlarning tabiatiga, fe’liga xos koʻrinishlarni oʻrgana turib, oʻzimizcha ularni guruhlarga boʻlib, mana bu guruhning yoʻli albatta jinoyatga olib boradi, bunisi gumon... degan aniq toʻxtamga kelmoqchi emasmiz. Tan olish qanchalik ogʻir boʻlmasin, har bir bolaning kutilmagan bir damda jinoyat koʻchasiga burilib ketishi ehtimoli borligini unutmasak bas.

“Bola nima sababdan jinoyat koʻchasiga kiradi?” degan savolga besh javob yozib kichik tadqiqot oʻtkazdik. Bu safar bir necha mahallada emas, bitta mahallada turli vaqtda va turli odamlarga murojaat qildik. Bir mahalladagi odamlarning bu masaladagi fikrlari yaqin boʻlar, deb oʻylagan edik. Aksi boʻlib chiqdi. Shu bois javoblarning foizini koʻrsatmaymiz-da, siz azizlarga murojaat etamiz: javoblarni diqqat bilan oʻylang. Doʻstlaringiz, qoʻni-qoʻshnilaringiz, qarindoshlaringiz bilan fikrlashsangiz yanada yaxshi. “Mening xonadonimda bunday muammo yoʻq, hammasi odobli”, deb oʻzingizni chetga olmang. Xonadoningizning baodob ekani a’lo! Biroq, atrofga biron kasallik tarqalsa, xonadoningizda bu kasal bilan hech kim ogʻrimasa-da, xastalikni yuqtirmaslik chorasini koʻrasiz-ku?

“Bola nima sababdan jinoyat koʻchasiga kiradi?” degan savolning javoblariga e’tiboringizni tortamiz:

1.Bolaning oʻziga nisbatan qilingan adolatsizlikdan.

2.Koʻcha zoʻrlarining hayotiga mahliyo boʻlib.

3.Koʻcha zoʻrlaridan qoʻrqib.

4.Bironta oʻrtogʻiga ergashib.

5.Atrofidagi hamma narsadan bezib.

6...

7...

Biz keltirgan javoblar sizni qoniqtirmasligi ham mumkin. Shu sababli sizning shaxsiy mulohazangizga boʻsh oʻrin qoldirdik.

Boʻsh vaqt

  • Halokat jari

  • “Koʻcha” tarbiyasi

  • Kim fikrlashdan toʻxtaydi?

  • Diskoteka “vabo”si

Biz boʻysunmaslarni tarbiyalashda asosan nasihat yoʻlini tanlaymiz. Holbuki boʻysunmas, qaysar, intizomsiz bolalarni quruq nasihat bilan tarbiya qilib boʻlmaydi. Uyda nasihat, koʻchada nasihat, maktabda nasihat, radio-televidenieda nasihat — bularning barchasi bolaning gʻashini keltira boshlaydi. Nasihat boshlanishi bilan peshonasini tirishtiradi, indamay eshitishga majburligi uchun tinglaydi. Xayoli esa, butunlay boshqa tomonda boʻladi. Ba’zi bolalar nasihatdan bezganlarini ochiq oshkor qilishdan ham toymaydilar. Nasihatning tarbiyadagi oʻrnini butunlay rad etmaymiz, lekin, uning ta’siri ozligini ham tan olishimiz kerak. “Xoʻsh, unda qanday yoʻl bilan tarbiya qilishimiz kerak? Jinoyat tomon ketayotgan bolani nima toʻxtatadi?” — degan savol tugʻilishi tabiiy. Savolga javob topishga urinib koʻramiz. Avvalo ta’kid etamizki, har bir bola — bir olam. Har biriga alohida yoʻl topmoq kerak. Yomon yoʻlga yurmaslik, yaxshi oʻqishga da’vat bir xilda boʻlmaydi.

Barcha mamlakatlar uchun bolaning boʻsh vaqti masalasi muhim muammolardan hisoblanadi. Maktabdan keyingi yarim kunda bolaning nima bilan shugʻullanishi uning taqdirini belgilaydi. Shahardagi mahallalarda, qishloqlarda bola kattalarning e’tiborida boʻladi. Bu bola kimning farzandi ekanini kattalar bilishadi va undagi nojoʻya harakatni e’tiborsiz qoldirishmaydi. Koʻp qavatli uylarda esa, buning aksi. Qoʻshnilar bir-birlarini tanishmaydi. Nojoʻya ish qilayotgan bolani tartibga chaqirishmaydi. Shundanmi, qamoqdagi bolalar yashash joylariga ajratilib oʻrganilganda mahalla va qishloqqa nisbatan koʻp qavatli uylarda istiqomat qiladiganlari koʻproq ekani aniqlandi.

Boʻsh vaqt masalasini hamma oʻzicha hal etadi. Koʻpchilik tarbiyaning bu sohasida asosiy e’tiborni mehnatga qaratish tarafdori. Biz ham bu yoʻlni toʻla ma’qullaganimiz holda, bolalarimizni mehnatga qanday qiziqtirishimiz kerak, degan savolga diqqatingizni tortamiz. Toʻgʻri, mehnat barcha zamonlarda va barcha jamiyatlarda buyuk huquq va buyuk zarurat hisoblangan. Toʻgʻri, madaniyat yuksakligi mehnatga boʻlgan muhabbatga bogʻlanadi. Oʻzgacharoq ta’bir bilan aytsak, madaniyat qanchalik yuksak boʻlsa, mehnat shunchalar yuksak qadrlanadi. Chunki, mehnat hamisha inson hayoti va madaniyatining asosini tashkil etgan. Donishmand aytmoqchi, agar hayot kemasi mehnat langariga suyanmasa, hamma shamollaru dovullarga dosh berolmaydi. Bu ta’riflarni bilamiz. Ammo, bu haqiqatlarni bolalar ongiga qanday singdira olamiz? Shiorlar bilanmi yo aniq harakatlar bilan? Bir kishi bolalariga nasihat qilib der ekanki: “odam maymundan paydo boʻlgan, agar mehnat qilmasalaring yana maymunga aylanib qolasanlar”. Bu nasihatda chuqur ramziy ma’no bor. Bunda odamning jismonan emas, ma’nan maymunga aylanib qolishi nazarda tutilyapti. Diqqat qilaylik, dunyoda tirik jon borki, hammasi harakatda, hammasi mehnat bilan band. Lekin, inson bilan boshqa tirik jonlar mehnati orasida “ONG”, “VIJDON”, “HALOLLIK”, degan tushunchalar bor. Qoʻpolroq ta’bir bilan aytsak, oʻgʻri ham, gʻar ham oʻzicha mehnat qiladi. Shunday ekan, biz insonga xos tushunchalar asosidagi mehnatni, faqat oʻziga emas, jamiyatga ham naf keltiradigan mehnatni nazarda tutishimiz kerak. Risolamiz avvalida bayon qilganimiz, qamalgan bolasi hajrida kuygan ota “farzandim mehnat qilyapti, sanqib yurmayapti”, deb fikr qilgan. Biroq, halollikni chetlab, oson yoʻl bilan pul topish insonga xos emasligini oʻylab koʻrmagan. Tijorat — oʻziga xos mehnat, uning ham mashaqqatlari bor, buni inkor etmaymiz. Hamma ham tijoratchi boʻlolmaydi, bu sohaga ham qobiliyat kerak, buni ham bilmoq joiz. Tijoratda nima halolu nima harom — buni din aniq belgilab bergan. Bu belgilash jamiyat talablariga ham mosdir. Demak, tarbiyada mehnatning halol boʻlmogʻiga e’tiborni qaratish kerak boʻladi.

Halol mehnatga muhabbati boʻlmagan odam toʻgʻri yoʻlni yoʻqotib qoʻyadi. Oqibatda barchasi halokat jariga boruvchi turli soʻqmoqlarga duch keladi: bir yoʻl hayotda hamisha norozilik hissiga toʻla boʻladi va oʻsmir shu his bilan yashaydi. Bir yoʻl zerikish, qoniqmaslik botqogʻi, yana biri oʻz-oʻzini asta-sekinlik bilan mahv etishdan iborat boʻladi. Bu yoʻllardagi oʻsmirning ongi, nafsi molnikidan farqlanmay qoladi. Agar “Halol va ongli mehnat — hayot asosi”, degan shiordan kelib chiqsak, boshqa yoʻllarni tanlagan oʻsmir tiriklayin oʻlib boraveradi.

Halol mehnatning afzalligini farzand ongiga singdirishda atrof-muhitning salbiy ta’sirini hisobga olmasak boʻlmas. Jamiyat boy-kambagʻal degan toifalarga boʻlingan pallada bolaning dunyoni anglashi ancha murakkab tarzda kechadi. Bolaning oilasi halol mehnat bilan kun koʻradi. Ota-onasi hamisha ish bilan band. Shubhasizki, farzandining huzurida ba’zi-ba’zida boʻlsa-da, nolib qoʻyishadi. Ularning qoʻshnisi esa, badavlat. Hamisha ish bilan emas, maishat bilan band. Bola bu farqni oʻz koʻzi bilan koʻrib turibdi. Unda “yaxshi yashash uchun halol mehnat qilish shart emas”, degan tushuncha

shakllana boraveradi. Halol mehnat bilan kun koʻruvchi ota-onasi uning kundan kun ortib borayotgan talablarini qondira olmaydi. Halollikdan narida yuruvchi ota-ona esa, farzandini oshirib-toshirib ta’minlab qoʻygan. Ana endi boladan soʻrang-chi, qay biri afzal ekan. Bu oʻrinda badavlat oilaning farzandi ongidagi tushunchani ham nazardan soqit qilmaslik kerak. U ham halol mehnat haqida koʻp eshitadi. Qoʻshnisi misolida bu halol mehnat tufayli qanday yashash mumkinligini koʻradi. Shu oʻrinda amaldagi koʻrinish bilan nazariya toʻqnashadi va amaldagi koʻrinish bolalar ongiga hukmronlik qilib oladi. Vijdon, halollik — oliy darajadagi fazilat ekani haqidagi gaplarni ular hazm qila olmaydilar.

Shayx Sa’diyning:

“Yesam arpa nonini mehnat bilan,

Shirindir birovlarning oq nonidan” —

baytlarini bu toifa bolalarga singdirish oson kechmaydi. Xayolan bir tajriba qilib koʻraylik: oʻsmirlarning roʻparasiga ikkita non qoʻyaylik-da, bittasiga ogʻirroq mehnat bilan yetishasiz, ikkinchisi uchun mehnat shart emas, deng-chi, qanchasi mehnat evaziga olinuvchi nonni tanlar ekan?

Mehnat tarbiyasini bolaning suyagi qotgach boshlash kerak, deguvchilar yanglishadilar. Bola emaklaganda yoki xontaxtani ushlab yura boshlaganida bilibmi-bilmaymi bu tarbiyani boshlab yuboramiz. “Piyolani olib ber”, “Qoshiqni uzatib yubor”, deyishimiz mehnat tarbiyasining debochasidir. Shu oʻrinda goʻdakning harakatini kuzataylik: u hali “mehnat — ichki ehtiyoj samarasi”, degan tushunchadan yiroq. Lekin, siz aytgan piyolani uzatib yuborgach, uni maqtab, erkalab qoʻysangiz, u shodlanadi va ikkinchi, uchinchi piyolani ham uzata boshlaydi. Demak, mehnat uchun ragʻbatlantirish lozim ekan. Oʻsha goʻdak siz aytishingiz bilan piyolani uzatmadi, shunda siz uni mehnatga oʻrgatish uchun zoʻrlay boshlaysiz. Piyolani majburlab ushlatasiz, uzatishga ham zoʻrlaysiz. Yoʻq, azizlar, buni mehnat tarbiyasi doirasiga kiritishimiz qiyin. Mehnatga zoʻrlash bolada mehnatga nisbatan nafrat uygʻotishi mumkin.

Mehnat tarbiyasi shaharga nisbatan qishloqda osonroq hal etiladi, deb oʻylaymiz. Aynan qishloqda mehnatga majburlash usuli kuchliroq. Bola istasa-istamasa otasi yoki onasi qanotida mehnat qilishga majbur boʻladi. Ayrim bolalarda mehnat majburiyati mavjud, mehnatga sevgi esa, zaif boʻladi. Shundaylar shahar sharoiti bilan tanishgach, qishloqqa qaytishni istamay qoladi. Rossiyadagi qishloqlarning boʻshab qolishini aynan shu bilan izohlash mumkin. Toʻgʻri, bizda u darajada emas, ammo, shunday hollar mavjudligini inkor etmasligimiz ham kerak.

Shaharda, ayniqsa koʻp qavatli uylarda yashovchilarni mehnatga jalb etish ancha qiyin. Bu uylarda yashovchi bolalarning asosiy ishi: kunda bir marta non doʻkoniga chiqib kelish, haftada bir marta axlatni olib chiqib toʻkish. Bu ish ham zoʻr mashaqqat bilan bajariladi. Katta aka oʻrtanchaga buyuradi, oʻrtancha esa, kichigiga. Unisi “Hadeb men qilaveramanmi...” — deb noliydi, oqibatda gʻavgʻodan bezgan ota yoki ona bu ishni oʻzi bajarib qoʻya qoladi. Bu uylarda yashovchi bolalarni atrofni tozalash uchun hasharga jalb etish qiyin. Ota-onasi zoʻrlab chiqarsa ham qoʻl uchida ishlaydi. Hovlini tozalashni oʻzlari uchun past ish deb biladilar. Shuning uchun ham koʻpgina uylarning atrofi axlatxonani eslatadi. Koʻchani supurib qoʻyishning ulugʻ savob ekanini vaqtida farzandi ongiga singdirmagan ota-ona endi bolasining ishyoqmasligidan nolimasa ham boʻladi. Agar bola 16—18 yoshigacha halol mehnatga oʻrgatilmas ekan, demak, unda “intizom” degan fazilat shakllanmaydi. Bu farzand irodasiz, tanbal, havoyi boʻlib qoladi. Hayotga qiziqishi ham zaif boʻladi. Aynan shu toifa bolalar nashavand va giyohvandlar changaliga oson tushadilar.

Ayrim ota-onalar farzandlarini bironta hunar egasiga shogirdlikka beradilar. Toʻgʻri, jamiyatda bolalarni ogʻir mehnatga jalb etish mumkin emas. Korxonalar bu talabga amal qilishni ba’zan me’yoridan oshirib yuborishadi. Oʻsmir bajaradigan yumush mavjudligiga qaramay, ularni yaqinlashtirishmaydi. Hunarmand ustalar esa, aksincha. Suvoqchimi, kulolmi, duradgormi... bolalarni yonlariga oladilar. Bolalikdan ustaning yonida yurganlarning ham koʻzi pishadi, ham qoʻli oʻrganadi. Oqibatda ular mohir usta boʻlib yetishadilar. Eng muhimi — bekorchilikdan sangʻimaydilar. Mehnatsevarlikning xayrli ekani haqida yuzta nasihatdan koʻra shu usul durust emasmikin? Toʻgʻri, ustalarning ham har xili mavjud. Hammasi ham begona bolaga hunarini ochiq koʻngil va qunt bilan oʻrgatavermaydi. Ustaning qanotiga kirgan oʻsmirlarning barchalari ham toʻgʻri va halol yoʻlga kiravermaydilar. Yuqorida zikr etilgan aldov yoki ayyorlik bilan hunardan boʻyin tovlashga intiladilar. Bu oʻrinda yana ota-ona va ustaning birgalikdagi toʻgʻri munosabati muhim. Afsuski, ustalar koʻp emas, bekorchi bolalarning barchasini qanotlariga ololmaydilar. Bu oʻrinda davlat bolalarning boʻsh vaqti xususida aniq tadbirlarni belgilab berishi kerak. Korxonalarda oʻsmirlar uchun maxsus ish joylarini tayin etish shu tadbirlardan biri boʻlsa nur — alannurdir. Xalq ta’limi tizimida (ilgari “pionerlar uyi” deyilardi) “Qoʻshimcha ta’lim” markazlari mavjud. Bu markazlarda turli hunarlar oʻrgatadilar. San’atga jalb etadilar. Naqsh, ganchkorlik, oʻymakorlik, duradgorlik, chevarlik, toʻquvchilik kabi toʻgaraklarda bolalar deyarli toʻla boʻladi. San’at turlariga qiziqish ham kuchli. Lekin, bu markazlarga asosan yaqin atrofdagi maktab oʻquvchilari qatnaydilar. Uzoqroqdagi maktablarning oʻquvchilarini ota-onalari yubormaydilar.

Borib-kelishidan xavotirlanadilar. Undan tashqari, mazkur toʻgaraklarga asosan oʻn uch—oʻn toʻrt yoshgacha boʻlgan bolalar qatnaydilar. Oʻsmir yoshidagilar uchun esa, shugʻullanadigan yumush yana yoʻq. Avvallari bolalar uchun futbol boʻyicha “Charm toʻp”, “Zarnitsa” (“Yashin shu’lasi”) kabi harbiy oʻyinlar oʻtkazilardi. “Quvnoq startlar”, “Svetofor” kabi oʻyinlar hozir ham mavjud. Lekin, bu oʻyinlarda ham oʻsmirlar ishtirok etishmaydi. Demak, oʻsmirlarning boʻsh vaqtlari toʻlaligicha oʻzlari hukmiga topshirilgan, deb oʻylasak ham boʻlar. Boʻysunmaslar tarbiyasining eng nozik, ayni damda xatarli nuqtasi ham shu yerda. Boʻsh vaqtiga oʻzi xoʻjayinlik qiluvchi bolalar koʻp hollarda koʻcha yoki mahalla zoʻravonlari ta’siriga tushadilar va buning oqibati nima boʻlishi barchaga ma’lum.

Ana endi yana bir narsaga diqqat qilaylik. Biz boʻysunmas deb atayotgan bolalar oilada, sinfda faqat tanqid eshitadilar. Sinfda ularning himoyachilari yoʻq hisobi. Ular doʻstlashmoqchi boʻlgan bolalar kattalar tomonidan oʻrgatilgan «Yomonga yaqin yurma!» shioriga amal qilib oʻzlarini nari oladilar. Koʻchada esa aksincha, ahil doʻstlik mavjudday koʻrinadi. Boʻysunmas yigitcha yoki qizchaga bu ulugʻ bir ne’mat boʻlib koʻrinadi-yu, koʻcha jamoasiga bogʻlanadi.

«Koʻcha tarbiyasi» deyilganda koʻz oldimizga faqat bezori, jinoyatchi bolalarni keltiramiz. Kechki payt koʻchada toʻplanib turgan bolalarni koʻrsak, xayolimizga faqat yoʻltoʻsarlar keladi. Holbuki, koʻcha ta’sirida barcha jinoyatchiga aylanib qolmaydi. Ayni choqda toʻgarakka qatnovchi bolalarning hammasi ham yaxshi boʻlib qolmaydi.

Bu ham haqiqat. Hozir el ogʻzida «stolba qorovullari», degan ibora paydo boʻlgan. Koʻp yerlarda kech tushishi bilan simyogʻoch yaqiniga oʻsmirlar toʻplanishni odat qilishgan. Ular shunchaki gaplashib oʻtiradilar. Uyda ota-onasi yoki aka-opasi bilan suhbatlashishning ularga qizigʻi yoʻq. Boshqa shugʻullanadigan ishlari ham yoʻq. Oʻrtoqlari bilan gaplashib oʻtiradigan joy ham yoʻq. Ayrim ota-onalar bolalarni uyga taklif etadilar. Lekin ular taklifni qabul qilmaydilar. Chunki ota-onalar huzurida ular istagan mavzularida suhbatlasha olmaydilar. Yoki kattalardan istihola qiladilar. Ayrim yerlarda «oʻsmirlar klublari» tashkil etishga harakat ham boʻlgan. Lekin oʻsmirlar bu klublarga ham borishmaydi. Chunki klublarda oʻzlari istagan mavzuda emas, tarbiyachilar tavsiya etgan mavzuda gaplashishni yoqtirmaydilar. Demak, bu oʻrinda «Oʻsmirlar klublari tashkil qilish kerakmi? Bu klublar tashkil qilingan taqdirda qanday yoʻnalishda ish olib borishi kerak? Ular oʻsmirlarni,ayniqsa boʻysunmaslarni jalb qila oladilarmi?» degan savollarga javob topish kerak boʻladi.

«Stolba qorovullari» suhbatlashadigan aniq mavzu yoʻq. Kallaga nima gap kelsa oʻsha tomon ogʻaveradilar. Shu bois ularning suhbatini ma’nosiz, deyishga haqlimiz. «Bolalar shunchaki gaplashib oʻtirishibdi, ularning orasida bezorilar yoʻq», deb hotirjam boʻlishga esa haqqimiz yoʻq. Ularning orasida bugun bezori yoʻqdir, biroq ertaga qoʻshilib qolar. Qoʻshilib qolganini, nashaga oʻrgatishni boshlaganini vaqtida payqaymizmi?

«Beozor» «stolba qorovullari» nasha chekib oʻtirishganda, bir odam ularni tartibga chaqiradi. «Otang baobroʻ odam, bu ishing chakki», deydi. Unga javoban «beozor» «Miyani achitmang, bratan, biz bilan bitta torting», deb taklif qiladi. Natijada janjal chiqadi va tartibga chaqirgan odam oʻldiriladi. Qarang, bolalar bu yerga bekorchilik oqibatida toʻplanishgan, birovga yomonlik qilish fikrlari boʻlmagan. Huquq tili bilan aytilganda bu «qasddan odam oʻldirish»ga kirmaydi. Kechki payt toʻplangan bolalarning beozor suhbatlari jar yoqasida turishni eslatadi. Jarga qulash uchun salgina turtki kifoya.

Keyingi yillarda bolalarning boʻsh vaqtlari koʻproq televidenie va video tamoshalari bilan band boʻlyapti. Hatto hazil aralash «telebola» degan atama ham paydo boʻldi. Bu «telebola»lar atroflaridagi barcha goʻzalliklarni rad eta boshlaydilar. Frantsiyada qiziqarli tadqiqot oʻtkazishibdi. Uch mingta bolaga «televizor yaxshimi yo otangmi?» degan savolni berib, qariyb ikki mingtasidan «Televizor yaxshi», degan javobni olishibdi. Buni bir necha davralarda aytib, eshitganlar yuzida tashvish koʻrmadik. Deyarli barcha latifa eshitganday kulimsirab qoʻydi. Aslida bunday xabar barchani oʻylantirib qoʻyishi kerak. Frantsiyada bu tadqiqotni shunchaki bekorchilikdan oʻtkazishmagandir. Tarbiyaga doir ishlarida nimalarga e’tibor qaratish lozimligini aniqlash uchun qilishgandir. Shunga yarasha choralar koʻrishar. Xoʻsh, bu holatning bizga aloqasi yoʻqmi? Toʻgʻri, bizda ikki mingta bola «otamdan televizor yaxshiroq», deb javob bermas. Agar uch mingta boladan uchtasi shunday javob qaytarsa ham tashvishlanishimiz zarur emasmikin? Bugun uchta bola shunday deb tursa, erta-indin ularning soni oshmasmikin? Oradan koʻp vaqt oʻtmay oʻsha Frantsiyadagi natija bizda ham qayd etilmasmikin? Bu muammo xususida qachon bosh qotiramiz? Uch mingta bolaning hammasi bir ovozdan otadan koʻra televizor afzalligini ta’kid etgandami?

Ana endi shu bolalarimizga chetdan razm solaylik: kitob oʻqish ular uchun azob, teatrda yuraklari siqiladi, muzeylarda rohatlanmaydilar. Musiqaning faqat yengil turlarini tinglashlari mumkin. Yozuvchilar bu «telebola»larni badiiy adabiyotga qaytarish kerak, deydilar, yana birovlar teatrga, boshqalari muzeyga, deydilar, ammo qanday qaytarishni aniq bilmaydilar. Agar bizda oʻsmirlar uchun badiiy adabiyot deyarli yoʻqligi, bolalar yozuvchilarining ham gʻoyat kamligi inobatga olinsa, bu fikrning amalga oshuvi mushkul ekani oydin boʻladi. Kishini oʻylatadigan yana bir masala: kino tasmalariga koʻchgan badiiy asarlar oʻz magʻzini saqlab qololmaydi. Kinorejisserlar asarni oʻzicha talqin qilib, oʻzicha namoyish etadi. Asardagi fikr, qahramonlarning ruhiy holati ular uchun muhim emas, muhimi - kinotamoshabinni zeriktirmaslik. Shuning uchun ham ayrim badiiy asarlarni kinotalqinini koʻrib tanimay qolamiz. Masalan, «Qutlugʻ qon» asarida Gulnor zaxarlanib oʻladi. Kinoda esa Yoʻlchining singlisi Unsin. «Oʻtgan kunlar»da ham, boshqa filmlarda ham shunga oʻxshash oʻzgarishlarni koʻrib, ajablanamiz. «Oʻtgan kunlar»ni oʻqib yigʻlagan odamlarning taassurotlarini koʻp eshitganmiz. Ammo kinosini koʻrib koʻzlari yoshlangan odamni uchratmadik...

Yevropa mamlakatlarida bolalar va oʻsmirlar adabiyotiga juda jiddiy ahamiyat beradilar. Bizning bolalarimiz oʻqiydigan kitoblarning ham asosan tarjima asarlar ekani sir emas. Bolalarning sevimli qahramonlari ham Yevropa adabiyotining farzandlari. Yaxshi badiiy asar millat tanlamaydi, chegara bilmaydi. Biroq, xalqning oʻz adabiy qahramonlari boʻlsa yana yaxshi. Bu sohadagi tarbiyamizda bitta kamchiligimiz bor. Avvalo koʻp xonadonlarda oilaning kattalari kitob oʻqimaydilar. Oʻzlari oʻqimay turib farzandlarini kitobga jalb qila olarmikinlar? Oʻsha ota-onalar oʻylab koʻrsinlar, farzandlari boʻsh vaqtlarini koʻcha bezorilari yoki behayo kinolar qurshovida oʻtkazganlari ma’qulmi yo fikr tarbiyasini beruvchi kitob bilan doʻstlashganlari afzalmi? Donolardan biri «Kitob oʻqimagan kishi fikrlashdan toʻxtaydi», degan ekan. Kimdir bunga qarshi chiqib aytarki: «Men umrimda kitob oʻqimaganman, lekin fikrlayman-ku?» Toʻgʻri, oʻqigan ham, oʻqimagan ham fikrlaydi. Biroq qay tarzda fikrlaydi? Fikrining ma’nosi bormi? Bu fikri bilan oʻzgalar orasida e’tibor qozona oladimi? Durust, ota yoki ona oʻqishning afzalligini tushunib yetdilar. Farzandlarini oʻqishga da’vat eta boshladilar. Lekin bola yoshi ulgʻaygach, bu da’vatga darrov boʻysuna qolmaydi. Hatto qiziqarli kitobni ham chetga surib qoʻyadi. Ba’zi ota-onalar mana shundan zorlanishadi. «Falon soʻmlik kitob olib keldim, oʻgʻlim bir bet ham oʻqimadi»,- deydi. «Oʻsha kitobni oʻzingiz oʻqidingizmi?»- deb soʻraymiz. «Be, oʻqishga vaqt bormi?»- degan javobni eshitamiz. Choyxonada kunda, kun ora oshxoʻrlik qilishga, maishatga vaqt topiladi. Beshik toʻylarida soatlab valaqlab oʻtirishga fursat bor, ammo farzandning tarbiyasiga vaqtimiz yoʻq. Shaxsiy namuna degan tushunchadan uzoqmiz. Bizning nazarimizda «Mana, senga kitob olib keldim, oʻqi»,- deyish - tarbiya. Shu bilan biz burchimizni bajardik. Bolamizning kitob oʻqimasligi esa... Xudodan. Uni Xudo shunday yaratgan...

Bir kishi farzandini donishmand huzuriga olib kelib: «Taqsir, nasihat qilib qoʻying, oʻgʻlim juda koʻp xurmo yeydi. Bir oʻtirishda ellik xurmoni koʻrdim demaydi. Koʻp yemoqlik zarar ekanini tushuntiring»,- deb iltimos qilibdi. Donishmand: «Bir oydan keyin kelinglar»,- debdi. U odam yana bir oydan keyin roʻpara boʻlganida donishmand: «Ey oʻgʻil, koʻp xurmo yemoqlik zararlidir»,- debdi. Bu qisqa nasihatni eshitgan kishi: «Shu gapni bir oy oldin aytsangiz boʻlmasmidi?»- deb ajablanibdi. Shunda donishmand: «Bir oy avval bunday deyishga haqqim yoʻq edi. Chunki men ham xurmoni yaxshi koʻrib koʻp yerdim. Bir oy davomida nafsimni tiyib, ozga keltirdim va nasihat qilmoq huquqiga yetdim»,- degan ekan.

Aytmoqchimizki, tarbiyaning barcha koʻrinishlarida, xususan kitob oʻqishga da’vatda shaxsiy namunaning foydasi koʻp. Tarbiyaning barcha turlari kabi kitob oʻqishga oʻrgatish ham bolalikdan boshlanadi. Yevropa mamlakatlaridagi nashriyotlarda «Oyijon, oʻqib bering», turkumida kitoblar koʻp chiqariladi. Nomidan koʻrinib turibdiki, bu kitoblar maktab yoshigacha boʻlgan bolalarga atalgan. Bu yoshdagi bolalarda «kitobni koʻrsam boshim ogʻriydi», degan gaplar boʻlmaydi. Barchasi qiziqish bilan kitobni varaqlaydi. Ba’zilari rasmlardan zavq oladi unda nima aks etganini bilishni istaydi. Ba’zilari kitobni yirtib zavq oladi. Ota yoki onaning kitobni oʻqib berishi yoki rasmlar mazmunini tushuntirishi bolasining kelajagi uchun juda-juda zarurdir. Bola uchun ajratilgan besh-oʻn daqiqa vaqt kelajakda oylab-yillab davom etadigan qaygʻu-alamlar oldini olishini anglab yetgan ota-ona naqadar baxtli!

Yuqorida zikr etganimiz ota yoki ona bolasiga atab kitob olgani uchun ham ularga ofarinlar aytmoq joiz. Chunki bolasiga kitob olmaydiganlarning soni-sanogʻi yoʻq. Bozorga borib bolasiga qurtmi, saqichmi yoki biron qimmatbaho oʻyinchoqmi olishni unutmaydi. Lekin kitob rastasi yonidan oʻtayotganida «bolamga mos kitob bormikin?» deb qayrilib ham qaramaydi. Hozir bu da’voni aytsangiz «Kitob qimmat», deb bahona qilishadi. Avvalo kitob juda arzon boʻlganda ham ahvol shunday edi. Qolaversa, oʻzini «ota», deb, farzandi tarbiyasiga mas’ul deb hisoblovchi kimsaning bir kunda chekadigan sigareti puliga yoki maishatiga sarf qiladigan mablagʻiga qancha kitob sotib olsa boʻlarkin. Biz «Bolajonmiz!» deb kerilamiz-u, bolajonligimizni farzandlarimizni yaxshi koʻrish bilangina cheklaymiz. Ehtimol bu gaplarimiz ba’zilar uchun malol kelar. «Oshirib yubordingiz», deb malomat qilarlar. Unda mana bu dalillarga diqqat qiling: maktab oʻquvchilarining soni taxminan besh million atrofida boʻlsa kerak. Shu oʻquvchilarga moʻl chiqariladigan jurnalning nushasi yigirma mingdan oshmaydi. Nashr etilgan yaxshi kitoblar ham chang bosib yotadi. Gap kitob va jurnallarning qimmatligida emas, gap ota-onaning e’tiborsizligida!

Bolalar qamoqxonasida oʻtkazilgan soʻrovlarimizdan ma’lum boʻldi-ki, u yerga tushganlarning qariyb toʻqson foizi bitta ham badiiy kitob oʻqimagan. Yetmish foizi teatr ostonasini bosib oʻtmagan. Yuz foizi rassomlarning koʻrgazmasi nima ekanini bilmaydi. Boʻsh vaqtdan toʻgʻri foydalanish haqidagi fikrimizni quvvatlash uchun yana qanday dalil kerak?

Bir kuni bolalar qamoqxonasida adabiy uchrashuvga bordik. Bu yerga birinchi marta kirgan shoir birodarimiz bolalarning jinoyatlari haqidagi hikoyani eshitib gangib qoldi. Hayajonga berilib, «Men bu yerda she’r oʻqiy olmayman»,- dedi. Men undan Usmon Nosirning «Muhabbat» she’rini oʻqib berishni iltimos qilib, arang koʻndirdim. Bir xil kiyingan, sochlari bir xilda qirtishlangan, koʻzlari bir xilda ma’nosiz boquvchi bir necha yuz bola toʻplangan joyga kirganimizda shoir birodarimiz bu nigohlarga qaray olmay koʻzlarini yumib oldi. Shu holda she’rni oʻqidi. Bu she’rni oʻqitishdan maqsad - kichkina ijtimoiy tadqiqot oʻtkazish edi. Yigʻilganlarning barchasi sevgi yoshidagi oʻsmirlar. Koʻpchiligi sevishga, ayol bilan boʻlishga ulgurgan.

Sevgi tuygʻusi begona emasdir, degan fikrni sinab koʻrmoqchi edim. «Sevgi! Sening shirin tilingdan kim oʻpmagan, kim tishlamagan!» deb boshlanuvchi she’r har qanday yoshning dilini qitiqlashi tayin. Ammo jinoyatchi oʻsmirlarga bu ta’sir etmadi. Ularning yuzlarida, qarashlarida oʻzgarish sezilmadi. Oddiy gapni eshitganday oʻtiraverishdi. She’rda «Ufqda botar quyoshni shart kesilgan boshga oʻxshatdim», degan satr bor. Shu satr oʻqilganda, ne ajabki, oʻtirganlarda jonlanish sezildi. Bundagilarning oz qismi qotilligi tufayli qamalgan, lekin boshqa jinoyatlar bilan oʻtirganlarga ham «shart kesilgan bosh» ta’sirli boʻldi.

Uch oʻsmir kechqurun homilador ayolga duch kelib, «Xotinning tugʻishini koʻramiz», deb qiynashgan. «Esi butun odam bunday qilmaydi, ular jinnidir», dersiz? Yoʻq, ularning koʻrinishi ham binoyi, eslari ham joyida. Biz ular bilan suhbatlashganda «Nega bunday qildinglar?» deb savolga tutmadik. Oʻqigan kitoblari, koʻrgan teatr tamoshalari, kinofilmlari bilan qiziqdik. Jangari, badaxloq kinotamoshalarini koʻrishda kamchiliklari yoʻq. Uchtadan ikkitasi bolaligida sinfdoshlari bilan yosh tamoshabinlar teatriga necha martadir borgan, lekin nimani koʻrgani esida yoʻq. Bittasi umuman teatrga qadam bosmagan. Uchchalasi ham badiiy kitobni qoʻliga olmagan. Bittasi maktabdagi adabiyot darsida oʻqiganlarini sal-pal eslaydi. Ular bilan suhbatlasha turib oʻyladim: «Agar badiiy kitob yoki sahna san’ati orqali faqat insonga xos sevgi-muhabbatni qalblariga singdirishganda edi, jinoyat koʻchalarida tentiramasmidilar...»

Kitob oʻqishni oʻrgatishdagi ota-onaning mas’uliyatini teatrga, yoki muzeyga, yoki rassomlar koʻrgazmasiga... olib borishda ham ta’kidlashimiz kerak boʻladi. Juda oz ota-onalar farzandlari bilan bu joylarga boradilar. Teatr-muzeylarga olib borish asosan maktablarning zimmasida. Ota yoki ona «Bugun teatrga boribsan, nimani koʻrding, nimani tushunding?»- deb besh daqiqagina suhbatlasharmikin? Agar suhbatlashsalar - sharaflar boʻlsin bu zotlarga!

Kuzatuvlardan aniqki, bolalar va oʻsmirlar fe’l-atvorining shakllanishida boʻsh vaqtdan toʻgʻri foydalanish gʻoyat muhim ekanligi tan olingani holda bu zarur masalaning yechimiga e’tiborsiz qaraladi. Boshqacharoq aytsak, boʻsh vaqtdan foydalanishga doir mavjud tadbirlar yetarli samara bermay qoʻygan. Buning aksi oʻlaroq, koʻchaning ta’siri kuchliroq boʻlyapti. Aytaylik, koʻchaning bir betida shaxmat-shashka toʻgaragi tashkil etilgan. Ikkinchi betida bevosh oʻspirinlar qarta oʻynab oʻtirishibdi. Koʻchaning oʻrtasida esa biz tarbiyalamoqchi boʻlgan yuzta bola turibdi. «Ixtiyor oʻzingizda, boʻsh vaqtingizni kim bilan oʻtkazasiz?»- deb koʻraylik-chi? Ishonamanki, shu yuz boladan koʻpi bilan yigirma-yigirma beshtasi shaxmat-shashka tomon yuradi.

Sovet jamiyatining soʻnggi yillarida boʻsh vaqt masalasi boʻyicha mas’ul idoralar bergan ma’lumotga koʻra, oʻrta yoshdagi oʻquvchilarning yetmish foizi, yuqori sinf oʻquvchilarining oltmish foizi maktabdan tashqaridagi turli toʻgaraklar, klublarda shugʻullanar ekanlar. Sovet Ittifoqidagi bolalarning yigirma toʻrt foizi sport bilan doimiy band ekan. Oʻn uch foiz oʻquvchi boʻsh vaqtlarini texnikaga doir hunarlarni egallashga sarflar ekanlar.

Bu koʻrsatgich 2000 yilda oliy darajaga yetkazilishi moʻljallangandi. Koʻngilni hotirjam qiluvchi bu raqamlar faqat qogʻozda edi. Oʻshanda qayta tekshirishdan soʻng «sport bilan shugʻullanyapti», degan ma’lumotdan 12 million bolani oʻchirishga toʻgʻri kelgan. Roʻyxatda boru ammo asli yoʻq boʻlgan minglab toʻgaraklar aniqlangan. Yana aniqlandiki, 1980 yildagi koʻrsatgich 1990 yilda ozgina boʻlsa-da, yaxshilanmabdi. Oʻsha davrda maktab oʻquvchilarining 5-6 foizigina toʻgaraklarga qatnashar ekanlar.

Yangi jamiyatga oʻtar chogʻidagi qiyinchiliklar sabab boʻlib, yurtimizda avvaliga bu masalada ilgarilash yetarli boʻlmadi. Keyingi yillarda bu kamchiliklarga barham berilyapti. Ayniqsa bolalar va oʻsmirlarni sportga jalb etishga berilayotgan e’tiborni sobiq ittifoq hududidagi hech bir mamlakatda uchratmaymiz. Shunga qaramasdan boʻsh vaqtga doir masalalarda qilinadigan ishlar koʻp. Shu masalalarni hal qilish uchun ham «Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi» tuzildi. Mazkur jamgʻarma Homiylik kengashining Oqsaroyda boʻlgan majlisida (2003 yilning 4 iyun kuni) ta’kidlanishicha, Respublikada 6 million 528 ming nafar olti yoshdan oʻn yetti yoshgacha boʻlgan bola bor. Jamgʻarma raisi A.Mirqosimovning axboroticha, ana shu bolalarning 432 ming nafari, ya’ni 6,7 foizigina sport bilan muntazam shugʻullanadi. Xalq ta’limi vaziri R.Joʻraevning ma’lumotiga koʻra esa 26 foiz bola shugʻullanarkan. Oddiy hisobdan xabardor odam ham bu raqamning toʻqima ekanini anglab olishi qiyin emas. Chunki bir yarim milliondan oshiq bolaning muntazam sport bilan shugʻullanishini tasavvur qilish qiyin. Bunday raqam rivojlangan mamlakatlarda ham yuqori koʻrsatgich hisoblansa kerak. Yana respublikamizdagi mavjud sport inshootlaridan 30-40 foizigina ishlayotgani hisobga olinsa davlat rahbarining tashvishlarini anglash mumkin. Ikki rahbarning axborotidagi ikki xil manzaraga e’tibor qaratgan Respublika Prezidentining tanbehlari gʻoyat oʻrinli: «Gap raqamlarda emas. Asosiysi, bu raqamlar, koʻrsatgichlarning bugun qilayotgan ishimizga qarab ertaga oʻsishi, oʻzgarishidir. Xoʻjakoʻrsinga raqambozlik qilishdan koʻra, sogʻlom avlod tarbiyasi muhim ekanini unutmaylik. Bu boradagi barcha ishlarimiz mavsumiy emas, davomli, chuqur oʻylangan boʻlmogʻi darkor. («Ma’rifat» gazetasi, 7 iyun)

Tadqiqotimiz davomida bir qancha toʻgaraklarning ishlari bilan qiziqdik. Roʻyxat daftari havasni keltiradi. Agar shu roʻyxatga ishonilsa, toʻgarak bola bilan toʻla. Aslida esa roʻyxatdagilarning yarmisi ham yoʻq. «Bolalar biron sabab bilan kelmagandir», deb oʻylagan edik. Biroq toʻgarak rahbarlari ularning oxirgi marta qachon koʻrganlarini eslay olmadilar. Biz «bolalar roʻyxatga atay qoʻshib yozilgan, bunday bola umuman bu yerga qadam bosmagan»,- degan da’vodan uzoqmiz. Gap shundaki, rasm toʻgaragigami yo boksgami oʻsha bolalar kelishgan, biroq uch-toʻrt marta qatnashib tashlab ketishgan. Sabab?

1. Toʻgarak ishi uchun zarur sharoit yoʻqdir.

2. Bolaga yetarli e’tibor berilmagandir.

3. Toʻgarak rahbari boladagi qiziqish choʻgʻini alangaga aylantira olmagandir.

4.Toʻgarak rahbari oʻzining notoʻgʻri muomalasi bilan bolani bezdirib qoʻygandir.

Bu oʻrinda asosiy aybdor oʻsha toʻgarak rahbari, desak, yanglishmaymiz. Toʻgarak rahbari yaxshi rassom yoki yaxshi bokschidir. Lekin unda bu ishda gʻoyat muhim hisoblanmish tarbiyachilik iqtidori yoʻqdir. San’atga yoki sportga mehri a’lodir, biroq, bolalarga mehri sayozdir. Boshqa ish yoʻqligidan shu toʻgarakka kelgandir. Bunday odamlarni oʻz sohalaridagi yuksak mahoratlaridan qat’i nazar, bolalar bilan ishlashga jalb etmagan ma’qulroq. Vaqtida chempionlik shohsupasiga koʻtarilgan, endi trenerlikni kasb etgan odam agar sabrli boʻlmasa, bolalarga xos fe’l-atvorni bilmasa, bolalar ruhiyatini anglay olmasa, bolalardagi qaysarlik kabi illatlarga chidami yetmasa bu sohada ishlay olmaydi. Bolaga katta talab qoʻyadi. Bola bajara olmasa, baqiradi, haqorat qiladi. Oqibat esa ayon. Ba’zan esa bolani toʻgarakdan rahbarlarning oʻzlari haydab yuboradilar. Bu ishlari uchun hech kimga hisobot bermaydilar. Chunki bola haydalgani bilan roʻyxatda ishtirokchi sifatida turaveradi.

Maktab bola har qancha yomon boʻlmasin, uni hayday olmaydi. Chunki majburiy ta’lim haqida qonun bor, bola haydalsa qonun buziladi. Bu qonun toʻgarakka taaluqli emas. Haydasa boʻlaveradi. Maktab bolaning ota-onasi bilan doimiy aloqada. Bolaning axloqi masalasida otani yoki onani tez-tez yoʻqlab turadi. Maktabda «Ota-onalar qoʻmitasi», «ota-onalar majlisi» degan gaplar bor. Toʻgarakda esa bular yoʻq. Toʻgarak rahbari shogirdining oilaviy ahvolini deyarli bilmaydi. Suhbatlarimiz davrida biz shunga amin boʻldik. «Shuncha bola toʻgaragingizga kelmay qoʻyibdi, sababi bilan qiziqmadingizmi?»- degan savolimizga esa tayinli javob ololmadik.

Toʻgaraklarda ishlayotganlar oʻzlarini eng avvalo tarbiyachi deb hisoblashlari shart. Ularning mohir rassom, naqqosh, bokschi yoki futbolchi ekanliklari ikkinchi darajali masala. Afsuski, bizda bunday talab qoʻyilmagan. Toʻgarak rahbarlaridan «Toʻgaragingizda nechta bola bor, nechtasi koʻrikda (yoki musobaqada) gʻolib keldi?» degan hisobot soʻraladi. «Tarbiyaga doir nima ish qilding?» deb soʻralmaydi. Toʻgarak rahbari: «Maktabda qanday oʻqiyapsan, mashgʻulotdan chiqib toʻgʻri uyga ketyapsanmi yoki biror ovloqdagi bolalarga qoʻshilib bevoshlik qilyapsanmi?»- deb qiziqmaydi. Ayni choqda ota yoki onalarning aksari «bolam kimdan nimani oʻrgangani qaerga boryapti, mashgʻulotlarni kanda qilmay qatnashyaptimi yoki toʻgarak bahonasida uydan chiqib sanqib yuribdimi?»- deb surishtirishmaydi. Bola maktabdagi oʻqishdan qolsa ota-onasiga darrov xabar borishini biladi va intizomga boʻyinsunishga majbur boʻladi. Toʻgarakda intizom yoʻqligini ham biladi va bundan ustalik bilan foydalanadi.

Toʻgarak rahbari bola qalbini kashf eta olish mahoratiga ega boʻlishi shart. Unda maktab oʻqituvchisida boʻlmagan imkoniyat va imtiyoz mavjud. Bola u yoki bu fanni yoqtirmasa ham shu darsda oʻtirishga majbur. Lekin toʻgarakni oʻzi xohlab kelgan, demak ayni shu xohishni oʻldirishdan ehtiyot boʻlishga toʻgʻri keladi. Poytaxt atrofidagi toʻgaraklardan ayrimlarini oʻrganganimizda toʻgarak rahbarlaridan 55-60 foizigina oʻrgatayotgan mutaxassisligi boʻyicha oliy ma’lumotli ekani aniqlandi. Bularning ham yarmidan koʻpi pedagogika fanidan bebahra. (Bundan ajablanmasak ham boʻladi. Chunki pedagogika yoʻnalishidagi oʻquv dargohlarida ham bu fan yetarli darajada oʻtilmaydi. Umumiy oʻtiladigan darslarning besh-olti foizini tashkil etadi.) Toʻgarak rahbarlari orasida oʻrta ma’lumotlilar ham anchagina. Eng achinarlisi, bu toʻgarak rahbarlarining yarmidan sal koʻprogʻigina oʻz sohasida muqim ishlaydi. Bir yil, hatto yarim yil ishlab ketuvchilar ham bor. Ana endi bolalarning qiziqishini oshirib, u yoki bu hunarga jalb etish qanday ahvolda ekanini tasavvur etavering.

Bu sohadagi jiddiy kamchiliklardan biri - maktab bilan toʻgaraklar orasida aloqa, bogʻliqlik yoʻq. Toʻgarak rahbari maktabga kelmaydi, oʻqituvchi esa toʻgarak bilan qiziqmaydi. Toʻgʻri, talab qilingan ma’lumotnomalarni toʻldirish uchun sinf rahbari oʻquvchilarning qanday toʻgaraklarga qatnashishi bilan qiziqadi. «Sinfimdagi shuncha bola shuncha toʻgarakka qatnashadi», deb hisobot beradi. Sentyabr oyidagi hisobot may oyiga qadar sobit turadi, oʻzgarmaydi. Undan tashqari ayrim shoʻxroq bolalarni tarbiya etish maqsadida uni toʻgaraklar bilan band etishga intilishadi. Bir maktabdagi hisobot bilan qiziqib, ayrim bolalarning besh, hatto yetti toʻgarakka a’zo ekanidan ajablandik. «Nahot, bu bolalar shuncha toʻgarakka qiziqsalar?»- deb soʻraganimizda «Qiziqishga qiziqmaydi, majbur qilamiz. Bularga boʻsh vaqt qoldirmaslik kerak, boʻsh vaqti koʻp boʻlsa buzilib ketadi»,- degan javobni eshitdik. Bolalarning oʻzlari bilan suhbatlashganimizda ularning mazkur toʻgaraklarga mutlaqo qiziqmasligi, eng muhimi va eng achinarlisi - qatnashmasligi ma’lum boʻldi. Ular sinf rahbarining zoʻri bilan toʻgarakka yozilib qoʻyishganu mashmashadan qutilishgan.

Ota-ona ham, maktab ham, xullas, oʻsmirning atrofidagi barcha undan yaxshi oʻqishni, mehnatkash boʻlishni talab qiladi-yu, uning toʻgʻri dam olishi bilan hamma ham qiziqavermaydi. Qiziqqanlar ham bir hildagi reja boʻyicha ish olib borishadi. Holbuki, Toshkentdagi oʻsmir bilan Gʻijduvondagi oʻsmirning qiziqishi, sharoiti, imkoniyati butunlay boshqa-boshqa-ku? Undan tashqari bolaning yoshi ulgʻaygani sayin u ham jismonan, ham ma’nan shakllanib boradi. Uning boʻsh vaqtiga mos dam olishni tashkil etish esa qiyinlashadi. Oʻn toʻrt yoshgacha boʻlgan bolalarning 43,4 foizini boʻsh vaqtdan unumli foydalanishga jalb etish mumkin ekan. 56,6 foizi esa boʻsh vaqtidan oʻzicha foydalanishni istaydi. Yosh ulgʻaygan sayin bu raqamlar ham yomon tomonga oʻsib boradi. Ya’ni, 14-15 yoshli bolalarning 38,8 foizi, 16-17 yoshlilarning 35,2 foizini foydali dam olishga jalb etish mumkin boʻlarkan. Qizlar orasida esa ahvol bundanda yomonroq. Oʻn toʻrt yoshgacha boʻlgan qizlarning 41, 14-15 yoshlilarning 21, 16-17 yoshli qizlarning 14 foizigina kattalar taklif etgan tadbirni qabul qiladi. Biz mana shu oʻsish, shakllanish jarayonini hisobga olamizmi? Soʻrovlarimizdan ayon boʻldi-ki, maktab oʻquvchilarining 35,5, kollej talabalarining 42, ishlovchi oʻsmirlarning va ishlamaydigan, oʻqimaydiganlarning 67 foizi boʻsh vaqtni samarali oʻtkazish boʻyicha kattalar tomonidan taklif etilgan tadbirlarda ishtirok etishni istamaydilar. Ba’zi oʻsmirlar uchun esa bunday tadbirlarda ishtirok etish ham etmaslik ham farqsiz. Ba’zilari ota-onasi yoki oʻqituvchining zoʻri bilan ishtirok etishi mumkin. Misolga murojaat etaylik: sir emaski, teatrlarimizga bolalar zoʻrlab olib boriladi. Oʻrta yoshdagi bolalarga chipta tarqatish uncha mashaqqat tugʻdirmaydi. Oʻsmirlar esa boʻyin tovlashga urinishadi va sinf rahbarining tanbehlaridan bezib pul toʻlashadi-yu, teatr tamoshasiga esa borishmaydi. Borganlari ham toʻpolon qilib atrofdagilarni bezdirishadi. Maktabda dars paytida qilolmagan qiliqlarini oʻsha yerda qilishadi. Oʻziga ishongan oʻsmirlar esa pul toʻlash chogʻida «Sazangiz oʻlmasin, deb toʻlayapman, tamoshangizga bormayman»,- deb sinf rahbarini ogohlantirib qoʻyishadi. Oʻqituvchiga shunisi ham tuzuk. Koʻchaga qancha kam bola bilan chiqsa shuncha bexavotir. Teatrga ham shunisi tuzuk: qancha kam bola kelsa shuncha tinchlik boʻladi. Eng muhimi - chiptalar toʻla sotilgan.

Qaysi maktabda yoki mahallada yoki uyda zerikish kasali mavjud boʻlsa, oʻsha yerda oʻgʻrichalarning, yolgʻonchilarning, zulm sari ogʻayotgan shumliklarning tugʻilishini kutmoq kerak.

Maktabdagi tadbirlarga oʻgʻil bolalarni tortish qiyin. Har turli tadbirlar asosan qizlarning ishtirokida oʻtadi. Jalb qilingan oʻgʻil bolalar yodlab berishi shart boʻlgan she’rni ham chaynalib-chaynalib zoʻrgʻa aytadi. Yigʻilganlar huzurida hijolat boʻlaveradi. Majburlash orqali yodlagani, majburlash orqali sahnaga chiqqanini sezish qiyin emas. Toshkentning Yunusobod mavzeidagi bir maktabda shuning aksini koʻrdik. Adabiyot muallimasi oʻzining shaxsiy tashabbusi bilan dramma toʻgaragi tashkil etgan. Maktab oʻquvchilari oʻzlariga yoqqan asarni saxnalashtira boshlashgan. Muallima teatrda ishlaydigan artist dugonasini ham bu ishga jalb qilgan. Toʻgarakdagi ish uchun u ham, muallima ham bir tiyin haq olmaydi. E’tiborli joyi shuki, saxnalashtirilgan asarda oʻttizdan ortiq oʻgʻil bola ishtirok etgan. Yanada e’tiborlisi, biz «boʻysunmas» deb ta’riflagan toifadagilar ham jalb etilgan. Boʻysunmaslikda dong chiqargan oʻsmirga bosh rol ijrosi berilganda barcha ajablanibdi. Avvaliga oʻsmirning oʻzi ham oʻziga bildirilgan ishonchdan gumonsiragan. Keyin ijodiy muhitga qoʻshilib ketgan. Bir kuni repetitsiya paytida maktabda chiroq oʻchib qolibdi. Shunda mashgʻulotni koʻchirishni istashmay, toʻgarak rahbarining eri boshqaradigan avtobusda davom ettirishibdi. Oqibatda bolalar sahnalashtirilgan asar faqat maktabda emas, Abror Hidoyatov nomidagi teatr sahnasida ham koʻpchilikka namoyish etildi. Xalq ta’limi vaziri, shahar xalq ta’limi boshqarmasi boshligʻining ham bu tamoshaga kelishlari bolalarni yanada ruhlantirdi. Bizda ana shunday fidoyilar ham bor. Faqat ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlovchi hamkasblar va rahbar janoblar kamroq.

Fikrimiz isboti uchun bir voqeani bayon qilay: Men bolaligimda ulugʻ shoir Quddus Muhammadiy boshqargan adabiyot toʻgaragiga qatnashganman. Bu toʻgarak mening yoʻl tanlashimda muhim ahamiyat kasb etgan va u kunlarni minnatdorlik bilan eslayman. Ustoz bizga koʻp narsani oʻrgatib, qarz qilib qoʻyganlar, qarzni uzish kerak, degan fikrda jamoatchilik asosida, ya’ni maosh olmasdan adabiyot toʻgaragi ochish orzusi tugʻildi. Eski Joʻvada Oxunboboev nomidagi madaniyat uyi boʻlardi.

Shu joyga murojaat etdim. Direktor janoblari «Mendagi toʻgaraklarning hammasiga pul toʻlab qatnashishadi. Har bir xonaga pul toʻlash kerak»,- dedilar. Direktorni ayblash ham insofdan boʻlmas. Faqat ugina emas, boshqa madaniyat uylari-yu, saroylari ham iqtisodning yangi bozor usuliga oʻta boshlashgan edi. Madaniyat uylari mayda-chuyda firmalarning idoralariga, billiardxonalarga, diskotekalarga... aylangan damda adabiyot toʻgaragi uchun bepul xona berish u kishiga gʻalati tuyuldi. Ma’naviyat va iqtisodga doir gaplarimizdan soʻng bitta boʻsh xona beradigan boʻldilar va dedilarki: «oʻtirishga stulni oʻzingiz topasiz». Nailoj! Bir sabab bilan Sobir Rahimov tuman hokimiga uchrashganimda voqeani aytib, oʻn beshta stul topishda koʻmak soʻradim. Va’da berildi. Oqibat shuki, stul ham yoʻq, xona ham yoʻq. Toʻgarak ochilmadi. Uch yildan keyin bu bino umuman buzib tashlandi. Orzuni amalga oshirish uchun maorifchilarga murojaat qildim. Durust, ular stul soʻrashmadi. Toʻgarak ochildi. Ammo alohida xona ajratilmadi. Bir safar tikuvchilarning xonasida, bir safar duradgorlarning xonasida adabiyot toʻgaragi oʻtadi. Bundan xafaligimiz ham, ajablanishimiz ham yoʻq, chunki biz elliginchi yillarda toʻgarakka qatnaganimizda ham ahvol shu edi.

Endi fikrimizga qaytsak, bolalar bilan ish olib borishga mutlaqo yaroqsiz odamlar ham uchraydi. Hadeb boshqa sohalarni tanqid qilavermay, misolni oʻzimizdan olsak, bir adabiyot toʻgaragining rahbari, shoir birodarimiz mashgʻulotdan keyin oʻsmir yigitlar bilan pivoxoʻrlikka borarkan. Bu odam bilan birga yurgan bolalardan shoir chiqadimi yo yoʻqmi, bilmayman. Ammo mayxoʻr chiqishi haqiqatga yaqinroq. Bunga oʻxshagan misollarni sport sohasidan koʻproq keltirishimiz mumkin. Bolalar qamoqxonasida oʻtirgan besh oʻsmir treneri bilan ulfatchilikdan keyin yoʻltoʻsarlik qilib qoʻlga tushishgan. Qonunga binoan trener ham jazolangan. Lekin vaqt oʻtgandan keyin beriladagin jazodan naf bormi?

Davlat bolalarning boʻsh vaqtini toʻgʻri yoʻnalishga burish muhimligini inobatga olib allaqancha mablagʻ ajratadi. Biroq, bu sohadagi ishlarning samarasi bilan qiziqish yetarli emas. Toʻgʻri, vaqti-vaqti bilan hisobotlar toʻplanadi. Qogʻozdagi hisobotlarda ishlar besh, ammo amaldagi natija qoniqarli emas.

Har qanday jamiyatda yaxshi (ya’ni ibratli) yoki yomon (ya’ni illatlar botqogʻiga botib yotgan) oilalar mavjud boʻladi. Shunday ekan, tarbiyaga faqat oila mas’ul, oilaga toʻla ishonish mumkin, degan fikrga qoʻshilishimiz qiyin. Ayrim mutaxassislar bu borada maktabni asosiy oʻringa qoʻyib, maktab oilani boshqarishi shart, maktab jamiyat tomonidan belgilangan tarbiyani amalga oshiruvchi vositadir, deb belgilashadi. Bu amalga oshsa qani edi. Ammo aroqxoʻrning oilasini maktab tomonidan boshqarish u yoqda tursin, unga ta’sir etishini tasavvur qilish qiyin. Shuning uchun ham bu fikrni orzuga yoʻgʻrilgan nazariya, desak, yanglishmasmiz.

Hali bevoshlik koʻchasiga oʻtmaganlarni toʻgʻri yoʻlga yoʻllash bir masala boʻlsa, bu koʻchaga oʻrgana boshlaganlarni qaytarish oʻn karra ogʻirroq masaladir. Chunki, buzilmagan bolalarni oʻsha toʻgaraklarda koʻrish mumkin. Biroq, izdan chiqqanlarni bu joylarda uchratmaysiz. Ularni faqat voyaga yetmaganlar bilan shugʻullanuvchi nazoratchi roʻyxatidagina koʻramiz. Biron yerda oʻqimaydigan, biron hunar olishga intilmaydigan, biron toʻgarakka qatnashmaydigan oʻsmirlarni boʻsh vaqtdan toʻgʻri foydalanishga jalb etish bilan qiziqqanimizda biz surishtirgan joylardagi ahvol 2-3 foizni tashkil etdi. Oʻrganilgan joylarda militsiya nazoratchisi roʻyxatida turuvchi oʻsmirlarning 36 foizigina turli toʻgaraklarga qatnaydi. 10,3 foizi bir oz shugʻullanib, soʻng sovub, tashlab ketgan. 19 foiz oʻsmirda shugʻullanishga umuman qiziqish yoʻq, taklif etilgan toʻgaraklarning birontasiga bormaydi. 17,3 foiz oʻsmir esa toʻgarak deyilsa narigi mahalladan aylanib oʻtadigan boʻlgan.

Albatta bu raqamlar ma’lum joyga xos, barcha yerlar uchun umumiy, deya olmaymiz. Ammo raqamlardagi ozgina farq deyilmasa, hamma yerda xoʻroz bir hilda qichqiryapti. Nega shunday? Bu oʻrindagi muammolarga diqqatingizni jalb qilamiz : 1. Oʻsmirga «shaxmat-shashka toʻgaragiga kel»,- deb taklif qilsangiz sizni mazax qilib kuladi. Oʻsmirlarni oʻziga jalb qila oladigan muassasalarimiz esa oz. 2.Qamalib chiqqan oʻsmir shu toʻgarakka kelsa ham qabul qilmaslikka urinamiz. Chunki u, boshqalarni ham buzib yuboradi, deb hisoblaymiz. «Ehtiyot - shart!» - bizning shiorimiz shunday, toʻgʻri emasmi? 3.Oʻsmirlarni qiziqtirishi mumkin boʻlgan toʻgaraklar oz ekani bir masala, ularning asosan shahar markazida ekani ikkinchi masala. Ayrimlarining pullik ekani yanada muhimroq masala.

Agar Toshkentning Beshqayragʻochida yashaydigan oʻspirin chavandozlikni havas qilsa, u shaharning narigi burchiga borishiga toʻgʻri keladi. Qishloqlardagi ahvolni aytmasak ham boʻlar. Togʻdagi bir qishloqda yashaydigan bola skripkachi boʻlishni xohlasa, ehtimol orzu orzuligicha qolib ketar. Pullik toʻgaraklar yanada murakkabliklar tugʻdiradi. Oʻspirin hali pul ishlab topmaydi, demak, ota-onasiga yuk. Agar u tennis bilan shugʻullanishni istasa-yu, otasi xohlamasa, demak, pul yoʻq. Agar ota istasa-yu, bola xohlamasa, pul bekorga sovurildi hisob.

Ba’zan mana bunday holat ham yuz berishi mumkin: bola aviamodelchilar toʻgaragiga qatnaydi. Oilasi shaharning boshqa dahasiga koʻchgach, qatnash imkoni boʻlmaydi. (Imkon deyilganda faqat moddiy masala tushunilmasligi kerak.) Yangi uylariga yaqin yerda bunday toʻgarak yoʻq. Ota-ona uni mavjud toʻgaraklardan biriga, aytaylik, musiqaga da’vat etishadi. Bola istamaydi. Ota-ona uning oʻjarligidan ranjiydi. Hatto urishishadi. Bolaning ruhiy holatini esa hisobga olishmaydi. Avval aytganimizday, ayrim bolalar qiziqishlarini tez-tez oʻzgartiraverishlari mumkin, ayrimlari esa bitta tanlaganlarida sobit turadilar.

Bundaylarga sharoit yaratib berilmasa hamma narsadan soviydi, qiziqishlari soʻnib «koʻcha bolasi»ga aylanib qoladi. Oʻrni kelganda uzoqdagi toʻgaraklarga qatnovchi salohiyatli bolalar uchun sharoit yaratib berish masalasiga diqqatingizni tortmoqchimiz. Hatto moddiy jihatdan kamchiligi yoʻq oilalar ham bolalariga yoʻlkira berishni istamay, uzoqdagi toʻgarakka bormay qoʻya qolishini xohlashadi. Kam ta’minlangan oilalar esa ma’lum. Shunday ekan, toʻgaraklarga qatnaydigan bolalar yoʻlkira toʻlashdan ozod qilinsalar boʻlmasmikin? Ma’naviyat masalalari koʻrilayotgan majlisda shu taklif bilan Toshkent shahar hokimiga murojaat qildik. Shu bolalar yoʻlkira toʻlagani bilan boyib, toʻlamasalar kambagʻal boʻlib qolinmaydi, dedik. Taklif ma’qul kelganday boʻldi-yu, ammo amalga oshmadi, hatto oʻrganib chiqilmadi. Ma’naviyatga katta e’tibor berilayotgani yaxshi. Lekin bolalar va oʻsmirlarning boʻsh vaqtiga taaluqli muammolar ham ma’naviyat doirasiga kirishini unutmasak durustmidi?

Bolalarning boʻsh vaqtidan unumli foydalanish haqida gap ketganda eng avvalo ularni jismoniy tarbiya - sportga tortish fikri ilgari suriladi. Biz bu fikrni inkor etmaymiz. Ruhiy salomatlik jismoniy salomatlikni ham talab etadi. Sport bilan shugʻullanuvchi oʻsmirlar bilan oʻtkazgan suhbatlarimizda ularning 80 foizi sport hayotlari uchun muhim ekanini aytishdi. 20 foiz oʻsmir esa hayotdagi qiyinchiliklarni yengib oʻtishda sport katta yordam berganini ta’kidlashdi. Hatto «boʻysunmas»larning 80 foizi ham shunga yaqin fikr bildirishdi. Toʻgʻri, jismoniy tarbiya boladagi mavjud iroda kuchiga quvvat beradi. Abdulla Avloniy hazratlari badan tarbiyasiga e’tiborlarini qaratib, shunday fikr bildirgan ekanlar: «Badan tarbiyasining fikr tarbiyasiga ham yordami bordir.

Jism ila ruh ikkisi bir choponning oʻng ila tersi kabidir. Agar jism tozalik ila ziynatlanmasa, yomon xulqlardan saqlanmasa, choponni ustini qoʻyib astarini yuvub ovora boʻlmoq kabidurki, har vaqt ustidagi kiri ichiga uradur. Fikr tarbiyasi uchun mahkam va sogʻlom bir vujud kerakdur... Imom Shofe’i hazratlari: «Ilm ikki hildur: biri - badan ilmi, ikkinchisi din ilmi», - demishlar. Bunga qaraganda eng avval hifzi sihat qoidalarini bilmak, salomatlikka ters boʻlgan narsalardan saqlanmak ila boʻladur...» Sportning har bir kishi uchun koni foyda ekani haqida koʻp gapirmasak ham boʻlar. Ammo ayni shu sohada tarbiyaga oid jiddiy muammolarga duch kelamiz. Aynan shu sohada bolaning ma’naviy kamolotiga e’tibor kam.

Bola ma’lum bir sport turiga qiziqib, yoki akasimi, doʻstigami ergashib toʻgarakka borsa, trener eng avvalo uning qobiliyatini tekshirib koʻradi. Har bir trenerga faqat qobiliyatli bola kerak. Unga shunchaki toʻp tepib, boʻsh vaqtini oʻtkazadigani kerak emas. Agar layoqat sezilmasa, trener undan osongina qutulib qoʻya qoladi. Unga natija kerak. Bolada bugun boʻlmasa ertaga qobiliyat yuz ochishi mumkin, degan gap unga yoqmaydi. Aynan sport trenerlarida tarbiyachiga zarur boʻlmish bilim yetarli emas. Aynan shu sportda bola gʻirromga duch keladi. Bolalar sportida ayniqsa gʻirrom koʻp uchraydi. Ma’lumki, musobaqalar yoshga qarab bosqichma bosqich oʻtkaziladi. 12-13 yoshlilar boshqa, 14-15 yoshlilarniki boshqa. Shunga yarasha talab ham, sharoit ham oʻzga-oʻzga boʻladi. Trenerlar musobaqada gʻolib kelish uchun 12-13 yoshlilar musobaqasiga 14-15 yoshli oʻsmirni boshqa ism-nasabda qoʻyadilar. Ya’ni, 15 yoshli Boltaev 12 yoshdagi Teshaevning hujjati bilan musobaqada qatnashadi. Koʻpincha shunday oʻyinchilar gʻolib kelishadi va yorliqlar ham birovning nomiga beriladi. Birovning nomidan gʻirrom ravishda musobaqada qatnashayotgan boladan yaxshi tarbiya kutish mumkinmi? U hayotida gʻirrom yoʻlini tanlab olmaydimi?

Sport bilan doimiy shugʻullanib, oqibatda professionalga aylanganlar vaqti kelib maydondan chetga chiqishganda qiynala boshlashadi. Eng birinchi galda ular shuhrat shohsupasidan tushib, e’tiborsiz qolganlarida ruhan qiynaladilar. Keyin avvalgi daromadlari ham boʻlmay moddiy jihatdan mashaqqat cheka boshlaydilar. Natijada ular tirikchilikning oson yoʻlini qidiradilar. Ma’lumki, jinoyatchi toʻdalarga chiniqqan yigitlar kerak. Sportdagi faoliyatini toʻxtatganlar aynan shu toʻdalarda panoh topganlariga misollar bor. Biz hamma sportchilarning yoʻli shu, degan ta’kiddan uzoqmiz. Lekin bittagina misol ham bizni sergaklantirishi zarur boʻlgani sababli bu haqiqatdan chetlab oʻta olmadik.

Bizda sport ishlariga tobora koʻp e’tibor berilyapti. Sportchilarimiz jahonda oʻzlarini koʻrsatishyapti. Ommaviy sport esa bu sohada ozgina orqada. Har mahallada sport maydoni boʻlishi kerak, degan talab bor. Talab yaxshi. Ammo mahallada boʻsh joy yoʻq-ku? Koʻp qavatli uylar shu darajada zich qurilgan-ki, ozgina boʻsh joy ham garajlar bilan band. Hokimiyatlarga kelgan ma’lumotlarga qaraganda bu talab hamma yerda qoyilmaqom qilib bajarilgan. Bu ma’lumotlarni koʻrib ajablanasiz: sport maydonchasi tomlar ustidamikin? (Mazkur risola oqqa koʻchirilayotgan paytda xukumat tomonidan bolalar sporti rivoji uchun jiddiy tadbirlar belgilanganidan xabar topdik. Bu tadbirlarning amalga oshuvi Oʻzbekistonni jahon sporti olamida yuqori mavqelarga erishuvini ta’minlashi shubhasizdir.)

Sport toʻgaraklaridagi roʻyxatlarda militsiya nazoratida turadiganlarni kam uchratasiz. Qamoqdan chiqib kelgan oʻsmirni hech bir trener qabul qilmaydi. Bironta shogirdi jinoyat bilan qoʻlga tushsa, «men aybdor emasman»,- deb oʻzini oqlaydi. Maktab esa «bu bola sportga qatnashib, buzilib ketdi»,- deb hukm chiqarib qoʻya qoladi.

Biz suhbatlashgan muallimlarning koʻpi sport bilan shugʻullanish bolaning tarbiyasiga salbiy ta’sir koʻrsatishini aytishdi. Ayni choqda oʻquvchilari qatnovchi sport toʻgaragi bilan qiziqmasliklarini ham tan olishdi. Muallimlarning gaplarida ozgina haqiqat bor: sport bilan shugʻullanuvchi oʻquvchi maktabda oʻzini boshqacha tuta boshlaydi. Oʻqishga qiziqishi susayadi. Ilm olish zarurati haqidagi gaplarni eshitgisi ham kelmaydi. Chunki yaxshi sportchi boʻlgani uchun ilmi boʻlmasa ham oliy oʻquv yurtiga osongina kira olishini biladi. Oliy oʻquv yurtida oʻqimay turib diplom olishi mumkinligini ham biladi. Shunday ekan, muallimlarining gapi qulogʻiga kirarmidi? Bunday bola ayniqsa musobaqalarda gʻalaba qozona boshlagach, takabburlikni kasb qiladi. Sinfda, hatto maktabda «zoʻr»likni - «lider»likni talab qila boshlaydi. Uni kamtarlik koʻchasiga qaytarish maktab uchun gʻoyat mashaqqat boʻlib qoladi.

Mazkur risolani yozishga tayyorgarlik jarayonida sobiq ittifoq davrida bu sohada olib borilgan ishlarni eslashga, bu haqda yozilgan kitoblarni varaqlashga toʻgʻri keldi. «Kommunizm quruvchisining axloq kodeksi». «Kollektivizm», «Sotsialistik mehnat...», pioner va komsomol tashkilotlari... Shiorlar ham koʻp edi, bolalar bilan shugʻullanadigan tashkilotlar ham anchagina edi. Ammo samara yoʻq edi. Avval zikr etganimizdek, koʻp ishlar qogʻozda bajarilardi. Endi zamon oʻzgardi, jamiyat oʻzgardi. Mafkura oʻzgardi. Hammasi yaxshi. Ammo biz oʻrganayotgan masalada hali bosh qotiradigan oʻrinlar koʻp. Eskisini rad etib, yangisini tavsiya etolmayapmiz. Toshkent mahallarida boʻlgan suhbatlarimiz chogʻidagi soʻrovlarimizdan ma’lum boʻldiki, maktab muallimlarining 65-70 foizi, onalarning 80 foizi, otalarning 60 foizi bolalar boʻsh vaqtlarini shaharning qaerida, qay muassassida foydali ravishda oʻtkazishlari mumkinligini bilishmas ekan.

Tarbiyaga mas’ul odamlar oʻylab oʻylariga yetgunlaricha har tomondan turli mafkura oqimlari yopirilib kelyapti. Kattalar tayin bir gap aytolmagach, oʻsmirlar oʻzlaricha yashashga intilyaptilar. Hozir ularning diqqatini jalb etadigan muassasalar koʻpayyapti. Shulardan biri videobarlar boʻlsa, yana biri diskotekalar. Videolar haqida fikr bildirdik. Diskoteka degan balo haqida ham ikki ogʻiz aytmasak boʻlmas. Chunki oʻsmirlar boʻsh vaqtlarini shu balo bilan toʻldirishga ishqibozlar. Men «Diskoteka» deb nomlangan bir asar yozish maqsadida bu joylarni oʻrganishga harakat qildim. Bir qaraganda beozor joy. Yoshlar kelishadi, oʻyin-kulgu qilishadi, vassalom. Lekin sirtdan qaralgandagina bu joy beozor koʻrinadi. Aslida esa buzuqlik va jinoyatning ostonasi hisoblanadi. Bu yerni oʻziga hos buzuqlik bozori desak ham boʻlar. Dastlab oʻsmir va yoshlarning qiligʻini koʻrib ajablandim. Asabiy musiqa quloqni kar qiladigan darajada jaranglaydi. Yigitchalar qizchalarning harakatini raqs deyish ham qiyin. Allaqanday telbalikning namoyishiday koʻrinadi. «Rok muzika», «Pop muzika» deyilmish san’at turlari (agar ularni san’at deb atash mukin boʻlsa) yoshlar ongiga giyohvand kabi ta’sir oʻtkazadi. Ayrimlar oʻzlarini bilmay qoladigan darajada talvasaga tushadilar. Olimlarning tajribasiga oʻzim guvoh boʻlganman. Kichik tovuqxonada osoyishta mumtoz kuylar qoʻyilganda tovuqlarning yurishlarida ham hotirjamlik bor edi. Keyin oʻsha jazavali «rok muzika»dan qoʻyildi. Avvaliga tovuqning koʻzlari besaranjom boʻldi. Keyin titray boshladi. Oxiri tutqanoq tutganday yiqilib oyoqlari akashakday tortishdi. Agar oʻsha damda kuy toʻxtatilmaganda uning oʻlib qolishi ham mumkin edi.

Ana shunday yerda yoshlarimiz boʻsh vaqtlarini oʻtkazyaptilar, biz esa bunga mutlaqo ahamiyat bermaymiz. Giyohvandlik koʻpayyapti, deymizu, aynan shu yerda oʻrganishlari mumkinligini hisobga olmaymiz. Buzuqlik koʻpayyapti, deymizu, aynan shu yer buzuqlik manbai ekanini tan olgimiz kelmaydi. Bizda rasman tungi diskotekalar yoʻq. Aslida esa koʻp diskotekalar tuni bilan ishlaydi. Bu holatni nazorat qilishi lozim boʻlgan militsiya xodimlari shu diskotekalar yonidan oʻtishayotganda koʻzlarini yumib oladilar. Nima uchun bunday qilishlari yolgʻiz oʻzlarigayu Xudoga ma’lum.

Diskotekalar bilan tanishgach, shahar xalq ta’limi boshqarmasi boshligʻiga undagi ahvolni bayon qilib, «u yerdagilarning koʻpi maktab oʻquvchilari, chora koʻrilmasa boʻlmaydi»,- dedim. Bu fikrim u kishiga ma’qul boʻldi. «Ertaga shu masalada katta majlis bor, gaplaringizni yetkazaman»,- dedilar. Ehtimol gapimni yetkazgandirlar, bunisi menga qorongʻu. Lekin gapni eshitgan majlis ahli ham militsionerlar kabi koʻzlarini yumib olgandirlar. Umid shuki, bu mas’ul janoblar qachondir koʻzlarini ocharlar, ammo unda kech boʻlib afsuslar daryosida suzib qolmasmikinmiz?

«Men» - oʻzlikni anglash

  • «Mening oʻrnim qani?»

  • Eng oson chora - oʻlim

  • Taqdir manglayi oʻzgaradi

  • Sizning zamonangiz emas

Birinchi voqea:

Onaning faryodi koʻklarni tutdi - oʻgʻli oʻzini oʻzi osibdi. Imom kelib, «bundaylarga janoza oʻqilmaydi»,- deb ketdi. Onaning bir alami ming boʻldi. Oʻgʻliga hammaning havasi kelardi. Ovozi rasta boʻlib, boʻylari oʻsib, koʻzga tashlanib qolgan edi. Nima boʻldi? Koʻz tegdimi?

Ayollar yigʻi-sigʻi orasida goʻshanga yasadilar. Bu dunyodan goʻshangasiz ketmasin...

Goʻshangaga kirdi... His-hayajon bilan emas, sovuq jasadda... tobutda...

Sovuq yuzlariga gullar sochildi...

Ichkarida irim-sirimlar... Tashqarida esa gumonlar: bola oʻzini nega osdi? Birov «Giyohvanddir, doridan koʻproq olvolgandir»,- deydi, ikkinchisi unga e’tiroz bildiradi: «Doridan koʻp olsa til tortmay oʻladi, oʻzini osolmaydi. Dori topolmay qiynalgandir...» «Biror qizni zoʻrlab qoʻyib, qoʻrqqanidan osgandir...»

Ikkinchi voqea:

Onaning faryodi koʻklarni tutdi - qizi oʻzini yoqibdi. Boʻyi yetib, durkungina boʻluvdi-ya! Sovchilar oʻgʻrincha qarab-qarab qoʻyishardi-ya! Maktabni bitirgach biror xonadonga kelin salom bilan kirib borardi-ya! Bir yigitni baxtligina qilardi-ya! Goʻshangaga kirmay ketdi... Kelin salom qilmay ketdi...

Sovuq qabr uni bagʻriga oldi. Unga janoza oʻqilmadi. Undan soʻnggi xotira - bir parcha qogʻoz va undagi soʻnggi oʻtinch: «Onajon, meni kechiring...»

U sovuq qabrda yotibdi, atrofda esa u haqdagi sovuq mish-mishlar...

Ma’suma haqida qanday mish-mish boʻlardi, bayon etmaylik..

Bu ikki fojiani keltirib chiqargan sababni hozircha chetlab oʻtaylik. Oz boʻlsa-da uchrab turadigan shunga oʻxshash voqeani ehtimol siz ham eshitgandirsiz. Siz ham turli gumonlarga borgandirsiz. Bayon etganimiz ikki voqea haqida ham bir oz oʻylang, sababini topishga urinib koʻring. Bu masalaga biz sal keyinroq alohida toʻxtaymiz.

Biz «Mening fikrimcha», «Mening nazarimda», «Men oʻylaymanki», degan iboralarni koʻp ishlatamiz. «Men» - shaxs demak. Dunyoni koʻruvchi, dunyoni idrok etuvchi, fikr bildiruvchi bir shaxs ikkinchisiga sira oʻxshamasligi sir emas. Bir ota bir onaning farzandlari qosh-koʻzlari oʻxshasa-da, shaxs sifatida farqlanadilar. Kishi ongini boshqaruvchi «Men» nima, uning jinoyat olamiga qanday daxli bor?

Kishilikdagi «Men» masalasi koʻp asrlardan buyon faylasuflarning, ruhshunoslarning, tabiatshunoslarning tadqiqot manbai boʻlib kelgan. Jahon fani haligacha Konfutsiy, Dekart, Kant, Freyd, Xeygel, Nitsshe, Uotson kabi faylasuflarning fikrlari atrofida bahslashadi. Faylasuflar nazaridagi «men» - oddiyroq aytilsa, kishining oʻzini oʻzi tanishi, shaxs sifatida shakllanib, jamiyatdagi oʻz oʻrnini topishidir. Shu jihatdan qaraganda ruscha «Ya»ning tarjimasi oʻlaroq qabul qilganimiz «Men» atamasi oʻrniga «Oʻzlik» deb ishlatganimiz ham ma’qulroq.

Frantsiyalik faylasuf Rene Dekart «Fikrlayapman, demak, mavjudman»,- degan gʻoyani ilgari surgan ekan. Shunga koʻra, oʻzini, oʻzlikni anglash qachon boshlanadi, degan savol ham oʻrtaga qoʻyilishi mumkin. Roʻyo va haqiqatni farqlab olish uchun kishi fikrlaydi. Bu fikrlash oʻn yashar bolaga xos emas. Ehtimol 20-25 yoshda bu masala xususida fikrlay boshlar. Unda oʻz-oʻzini tanimoqlikni shu yoshda belgilaymizmi? Agar shunday qilsak, olti yoshli bolaning fikrlashini nima deb ataymiz? Masalan oʻsha bola daraxtni koʻradi, gullashini, meva tugishini kuzatadi. Meva bor paytda olib berishni talab qiladi. Mevalar tugagach, talabni ham bas qiladi. Kelgusi yili daraxt gullagach, oqibat meva boʻlishini bilib, kutadi. Agar shu yoshdagi bola kattalarning koʻchat oʻtqazishini koʻrsa, u ham choʻplarni yerga suqishga intiladi. Oʻz xayolida koʻchat ekkanday boʻlib, quvonadi. Bu ishi uchun kattalardan olqish kutadi. Demak, u ham fikrlayaptimi? Ongi borliqdagi oʻzgarishlarni qabul qilyaptimi? Tahlil etyaptimi? Demak, u oʻz-oʻzini tanishni boshlagan, borliqda oʻz oʻrni borligini bilyapti, shunga yarasha oʻziga e’tibor talab qilyapti. Ayrim olimlar buni ongsiz ravishda anglash, deb hisoblab, «fikrlash» tushunchasiga qoʻshmaydilar. Biz bu qarashni ma’qullay olmaymiz. Goʻdak tugʻilib, koʻzi ochildi - borliqni koʻrdi. Miya hujayralari shakllana boshladimi, demak, oʻziga xos ravishda fikrlay boshladi. Olti yashar bola bilan oʻn olti yoshli bolaning «Men kimman?» degan savolga javoban oʻzini oʻzi tanishdagi holati, talab, intilishi bir hil emas, albatta. «Men» masalasida bosh qotiruvchi faylasuflar uchun bu farq uncha muhim emasdir. Ammo tarbiya uchun mas’ul odam bu farqni e’tiborga olishga majbur.

Ayrim olimlar goʻdakning dastlabki oylardagi harakatlarini fikrlashdan holi deb biladilar va bu da’volarini isbotlash uchun «Odam bir-ikki yoshgacha koʻrganlari, eshitganlarini eslamaydi, unutadi», deydilar. Ularning aytishlaricha, unutishlariga sabab - tillari chiqmagani, gapira olmasliklari ekan. Agar bu fikrni toʻgʻri deb qabul qilsak, fikrlash gapirish bilan bogʻliq boʻlsa, soqovlar umuman fikrlamaydilarmi? Oʻsha olimlarning ta’kidiga koʻra, bolaning oʻzlikni anglashdagi birinchi harakati «Men» degan soʻzni aytishidan boshlanarkan.

Bu fikrga koʻra siz: «Bu qant kimniki?»- deb soʻrasangiz, bola «Meniki (yoki «oʻzimniki»)»,- deydi. «Bu kimning ayasi?» desangiz - «Meniki!» deydi. Yoki bolaning qoʻlidan ushlab yetaklasangiz «oʻzim yuraman», deydi, biror ishni ham (eplolmasa-da) «oʻzim qilaman», deydi. E’tibor bering, bu shunchaki harxasha emas, bola oʻzining haqqini talab qilyapti. Jamoada oʻzining oʻrni borligini fahmlayapti. U oʻz oʻrnini, haqqini turli yoʻllar va usullar bilan talab qiladi, koʻp hollarda talabining bajarilishiga erishadi. Ba’zan erkalanadi, ba’zan yigʻlaydi, ba’zan kattalarni yomonlaydi yoki chaqimchilik qiladi. Bu jarayon, ya’ni bolaning shirin soʻzlari, qiliqlari bizni faqat quvontiradi. Shaxsning yetuklik sari qadam tashlayotganini esa sezmaymiz yoki e’tiborsiz qoldiramiz. «Talab qilinayotgan narsaga yolgʻon aytish yoki chaqimchilik orqali oson erishish mumkin», degan fikr asta-sekin quvvat olib, bola fe’l atvorining shakllanishida hukm oʻtkaza boshlagach, uni bu yoʻldan qaytarish harakatiga tushamiz. Har qanday notoʻgʻri fikr birdaniga tugʻilmaydi, tasodifan yuzaga chiqib, amalda koʻrinmaydi. Boladagi fikr yerga qadalgan uruqqa oʻxshaydi. Unib-oʻsib, meva tugguncha ancha vaqt, hatto yillar oʻtadi. Biz faqat mevasiga duch kelganda ajablanamiz. Otasi olib keladigan shirinlikka sherik boʻluvchi aka besh yoshli bola uchun asosiy raqib sanaladi. U raqibni chetga surish yoʻlini izlaydi. Bir marta qilgan chaqimchimligi yaxshi samara bersa, aka shirinlikdan mahrum etilsa, u oʻzining gʻalabasidan quvonadi. Soʻng bu «qurolini» tez-tez ishga sola boshlaydi. U olti yoshida, sakkiz, oʻn yetti yoshida ham raqiblarni surishda aynan shu uslubdan foydalanadigan boʻlib qoladi. Kaminani balandparvozlikda aybsitmang, vatan xoinlari asosan chaqimchilardan chiqadi. Chaqimchilikni islom dini ham qoralaydi. Rivoyat qilishlaricha, Muhammad alayhissalom mozor yonidan oʻtayotib, bir qabrga qarab qolibdilar. Soʻng daraxtdan bir shoxcha sindirib olib, suqib qoʻyibdilar. Sahobalar buning ma’nosini soʻraganlarida u muhtaram zot «Bu yerda yotgan odam, hayot chogʻidagi chaqimchiliklari uchun qabr azobida qiynalyapti. Mana bu barglar to qurigunlariga qadar Ollohga tasbeh aytib turadi va bu onda marhum azoblardan xoli boʻladi»,- degan ekanlar.

Biz bolamizning chaqimchiligini bilmay turib, uni ragʻbatlantirib qoʻyamiz. Agar «nima uchun chaqimchilik qilyaptiykin?»- deb oʻylasak, chaqimchiligi uchun mukofot bermay, ayblasak, bolaning kelajagi oʻzgacha boʻlishi shubhasiz.

Ruh kamoloti yoʻlidagi zilzilalar, inson mayllari, tushuncha va tasavvurlari, ehtiyoj va talablari, iztirob va qiynoqlari, ziddiyatlar va muvofiqliklar, kurash va gʻalaba, yoʻqlik va borliq, jism va jon... Odam bolasining oʻzlik sari shakllanishi shular kabi soʻqmoqlardan oʻtadi. Har bir tushuncha har yoshda oʻziga hos tarzda takrorlanadi. Masalan, ehtiyoj va talabni, yoki iztirob va qiynoqni oʻn yoshli bolada ham, oʻn sakkiz yoshli yigitchada ham kuzatish mumkin. Shunday ekan, oʻzlikni anglash tabiatning oʻzi kabi doimiy harakatdadir.

Faylasuf olimlar oʻzlikni anglash jarayoni haqida soʻz yuritishganda koʻpincha dinni tanqid ostiga oladilar. Asli yahudiy yoki nasaro yoki musulmon boʻlmish olimlarda ham buni uchratamiz. Ularning fikricha, din kishining oʻzlikni anglashida toʻsiq ekan. Ular «Taqdiri azal», ya’ni «inson taqdiri hali tugʻilmasidanoq belgilangan», degan aqidani yuzaki tushunib, tanqid qiladilar.

Umar Hayyom hazratlarida shunday toʻrtlik bor ekan:

Yo Rab, loyimni-ku, qorgan oʻzingsan,

Oʻrish-arqogʻimni oʻrgan oʻzingsan.

Yomonmanmi, yaxshi, men nima qilay?

Taqdir manglayini bergan oʻzingsan.

Agar shunday fikrlansa, bolaning jinoyat koʻchasiga kirishi yoki yaxshi inson martabasiga yetishmogʻi - tugʻilmasidanoq belgilab qoʻyilgan boʻlib chiqadi. Ya’ni bola jinoyatchi boʻlib tugʻiladi, uni tarbiyalashga urinish shart emasmi? Yoʻq, aslo unday emas. Agar odam yaxshi fazilat yoki yomon illat bilan tugʻilsa, tarbiya etmoqlikdan foyda boʻlmasa, Olloh ilohiy kitoblarini tushurarmidi, paygʻambarlariga «bandalarimni toʻgʻri yoʻlga boshlashga mas’ulsan»,- deb vazifa yuklarmidi? Axir Tavrot, Injil, Qur’on - barchalari nasihat, odamlarga tarbiya-ku? Olloh insonni aziz va mukarram qilib yaratganini Qur’oni karimda aytadi. Insonga aql berilgan. Uning roʻparasida ikki yoʻl turadi: agar yaxshilikni kasb etsa - saodatga yetishadi, zulmna tanlasa, Bobur mirzo hazratlari yozganlaridek: «Har kimki jafo qilsa jafo topqisudir». Bolaning ana shu yoʻldan qay birini tanlashi oʻzlikni anglashdagi muhim nuqtalardan biridir. Maqol tili bilan aytsak: daraxt qushni tanlamaydi, qush daraxtni tanlaydi. Shunga koʻra taqdir kishini tanlamaydi, kishi taqdirini tanlaydi. Odam bolasi Xudoni tanishi uchun avval oʻzini tanishi kerak.

Bola peshonasida ikki taqdir - ikki hil yoʻl mavjudligini darrov farqlay olmaydi. Buni farqlagunicha borliqdagi xodisalar uni koʻp gangitadi. Ana shunday gangib yurganida kattalarning munosabatlari hal qiluvchi omil boʻlib xizmat qiladi.

Garchi faylasufu boshqa olimlar bu «Men» xususida koʻp asrlardan beri bosh qotirsalar-da, biz oʻz farzandimizdagi bu jarayonga yetarli e’tibor bermaymiz. Siz bilan bizdan masalaga faylasufona yondoshish talab etilmaydi. Biz bolamizga mehribon, sinchkov ota-ona sifatida yaqinlashsak bas.

Biron tanishimiz yoki qarindoshimiznikiga bir yil oʻtkazib borsak, bolalarini koʻrib: «Qarang-a, oʻgʻlingiz kap-katta boʻlib qolibdi», deb hayratlanamiz. Oʻz farzandimiz oʻz qanotimiz ostida kun sayin emas, soat, daqiqa sayin oʻsib ulgʻayayotganini esa sezmaymiz. Bola oʻzini anglash jarayonida biz berayotgan adabdan tashqari atrofdan olayotgan taassurotlari asosida oʻzicha fikr yuritadi. Bolaga maktabda yoki uyda sharafli hadisdagi «Beshikdan to qabrga qadar ilm egalla», hikmatini yoki Xitoy faylasufi Konfutsiyning: «Uyda yoshlar ota-onalarini izzat qiladilar. Xonadondan tashqarida kattalarning gaplariga quloq osadilar, haqiqatgoʻy va ehtiyotkor boʻladilar. Barchaga, ayniqsa odamiylikni fan qilgan insonlarga muhabbatda boʻladilar. Shu harakatlaridan soʻng kuch-quvvat topa olsalar ilm olmoqqa intiladilar», degan dono soʻzlarini singdirishga harakat qilindi, deylik. Bola bu soʻzlarning toʻgʻri ekanini tan oladi. Lekin koʻchada, masalan, choyxonada doimiy ravishda bekor laqillab oʻtiruvchilarni koʻrib, bu haqiqatga amal qilish shart emas ekan, degan fikrga kelmaydimi?

Ba’zi ota-onalar farzandidan ranjib «Hech gap tushuntirolmayman», deb nolishadi. Chindan ham bolaga gap uqdirish oson emas. Xoʻsh, oʻzimizchi, farzandlarimizning gaplarini, xohishlarini darrov tushunamizmi? Ota-ona bilan farzand oʻrtasida tushunishlik bobidagi kelishmovchilik qachon paydo boʻladi-yu, u qanday hal etiladi? Hal etish chogʻida bolaning oʻzini tanish, anglashga intilayotgani hisobga olinadimi? Ba’zi oʻsmir otasi yoki onasiga maqsadini anglata olmay «Siz tushunmayapsiz!»- deb yuboradi. Ota-ona buni eshitib: «Ha, endi biz tushunmaydigan boʻlib qolganmiz»,- deb ranjishadi. Ranjish oʻrniga bolamiz aytayotgan masalaga uning koʻzi bilan qarab, uning ongi bilan fikrlab koʻrsak-chi?

Aflotun hakim debdilarki: «Farzandlaringiz ilm va adabini oʻzingizning ilm va adabingiz bilan cheklamang, ularni kelgusi zamon uchun tayyorlang, chunki ular sizning zamonangiz emas, kelgusi zamon odamlari boʻladilar.» Bu dono fikrning isboti uchun bir misolga murojaat etaylik: yoshlarning kiyinishlari har yili bir hil boʻlavermaydi. Kattalarning bu masaladagi qarashlari ham bir hil emas. Deylik, oʻsmir qiz tor shim kiyishni yoqtiradi. Bu - uning zamonaviy kiyinish madaniyatiga boʻlgan munosabati, madaniyatni oʻzicha anglashi. Bu kiyinishda u zarracha yomonlik koʻrmaydi. 40-45 yoshli ota-onasi ham unga e’tiroz bildirmay «Ha, endi yoshlarning rasmi shu-da», deb qoʻya qolar. Ammo qizchaning shim kiyishiga buvisi va buvasi mutlaqo qarshi boʻladi. Bunda ular behayolikni koʻradilar. Oʻzni endi-endi anglay boshlayotgan qizcha uchun bu ziddiyat ham ta’sir etishi mumkin.

Oʻrni kelganda ta’kid joizki, bola tarbiyasida buvi bilan boboning ishtiroki juda muhim. Toʻgʻri, ular bolani ota-onaga nisbatan koʻproq erkalatadilar. Bola ota-onasi tomonidan jazoga tortilishini bilsa darrov buvisi yoki bobosi himoyasiga oshiqadi. Shuning barobarinda maslahat lozim boʻlsa birinchi galda ularga murojaat etishadi. Barchamizga ma’lumki, 50-60 yoshlardagi buvi bilan boboning hayot tajribasi 35-40 yoshlardagi ota bilan onanikidan boyroq. Shunday ekan, ular tomonidan berilguvchi foydali maslahatlarning qadriga yetmoqlik lozim boʻladi. Kuzatishlar shuni koʻrsatadi-ki, buvisi va bobosi bor xonadondagi bolaning tarbiyasi boshqalarnikidan farqlanadi. Hozir ayrimlar yigirma yoshidayoq ota yoki ona boʻlishyapti. Agar ular alohida yashashsa bolaga beriladigan tarbiyaning qanday boʻlishini tasavvur qilavering. Televizordagi qiziq xangomaga guvoh boʻlgan edim: birinchi farzandni koʻrgan ota ayoli va oʻgʻlini tugʻruqxonadan olib chiqadi. Kechki payt qarasaki, ahli ayoli choyshablarni yuvyapti. «Nima qilyapsiz?» deb soʻraydi yosh ota. «Oʻgʻlingiz boʻktiribdi, yuvyapman», debdi yosh ona. «Ie, darrov-a?» deb ajablanibdi yosh ota. Qarang, ota boʻlmish yigit chaqaloq bir-ikki yoshidan boshlab boʻktirsa kerak, deb oʻylaganmikin? Hali oʻzlari tarbiyaga muhtoj, hali hayot soʻqmoqlarini yaxshi anglamagan yosh ota-onalarga buvi va bobolarning e’tibori, koʻmagi juda-juda zarur.

Ta’bir joiz boʻlsa, bolalikdan oʻsmirlik olamiga oʻtishlik - kishining qayta tugʻilishidir. Endi faqat atrofni koʻradigan odamcha emas, bu borliqda oʻzini ham koʻra oladigan, fikrlaydigan shaxs tugʻiladi. Birinchi tugʻilishda goʻdak chinqirib goʻyo deydiki: «Mana men yorugʻ dunyoga keldim. Quvoning va bundan buyogʻiga men uchun tashvishlar cheking. Men hozircha sizning yordamingizga muhtojman. Bir daqiqa boʻlsin, meni unutmang. Meni avaylang, har bir nafasimni kuzatib, beshigim yonidan jilmang. Sizlarning mehringizga, shafqatingizga ehtiyojim bor! Sal oʻtmay meni atak-chechak qilib yurgʻizing, yiqilsam - turgʻizing, boshimni silang...» Odam ikkinchi bor tugʻilishida butunlay oʻzgacha ohangda deydiki: «Endi men qanotlaringiz ostidagi polopon emasman, hadeb qoʻlimdan ushlab yetaklayvermang, hadeb izimdan yuravermang. Bosgan qadamlarimga ishonchsizlik bilan qaramang. Yoʻrgakda tutishga intilmang, beshikdagi holimni unuting. Men mustaqil odamman. Qoʻlimdan yetaklashga urinmang. Men roʻparamda baland togʻni koʻrib turibman Uning yuksak choʻqqilari bor. Bu togʻdan oʻzim mustaqil ravishda oshib oʻtmoqchiman. Bu - mening hayotdagi maqsadim. Men choʻqqiga koʻtarilishni boshlayapman. Har bir qadamim bilan men yuqoriga koʻtarilayapman. Roʻparamdagi ufq tobora kengayyapti. Yanada koʻproq odamlarni koʻryapman. Ularni tushunishga harakat qilyapman. Mehr oʻrniga adolatsizlik, ilm oʻrniga johillik, shafqat oʻrniga zulmni koʻrganimda qoʻrqib ketyapman. Men bu borliqda tayanchga muhtojligimni sezyapman. Men aqlli, dono, adolatli odamga zorman. Men yonimdagi kuchli va donishmand odamga suyansamgina choʻqqiga chiqa olaman. Ammo men buni hech kimga ayta olmayman. Muhtojligimni tan olishim - men uchun isnod. Hamma meni «mustaqil qadam tashlovchi odam boʻlib yetilibdi, choʻqqini oʻzi zabt eta oladi», deb hisoblashini xohlayman.» Agar oʻsmirlik olamiga oʻtgan farzand ota-onasiga bir nima demoqqa jur’at va istak topa olsa edi, ehtimol shularni aytarmidi.

Farzandlarimizda 10-11 yoshdan to 14-15 (oʻgʻil bolalarda ba’zan 16) yoshgacha tibbiy til bilan aytganda, anatomo-fiziologik jihatdan keskin oʻsish sodir boʻladi. Goʻyo tabiat haykaltaroshu oʻzining ijodiga xos bu jonli haykalni tezroq takomilga yetishtirishga urinayotganday. Bu jarayon sirtdan qaraganda ovozning doʻrillashida (Buni «ovozi rasta boʻlbdi», deymiz) seziladi, boʻyning oʻsishida koʻrinadi va biz asosan shunigina payqaymiz. Ichki toʻlqinlarni, oʻzgarishlarni sezmaymiz. Biz haykaltaroshga oʻxshatgan tabiat oʻsmirning ham jismoniy, ham jinsiy oʻsishini hisobga olishga ulgurolmayotganga oʻxshaydi.Bolaning suyaklari shu darajada tez oʻsadi-ki, uning mushak toʻqimalari bu oʻsishga monand rivojlana olmay qoladi. Ana shunda oʻsmirning mushaklarida ogʻriqlar paydo boʻlib oʻzini ham, ota-onasini ham havotirga soladi. Bolaning tashqi koʻrinishida (ayniqsa 13-14 yoshida) keskin va sezilarli oʻzgarish sodir boʻladi. Uning qomati qoʻpollashadi, uzun va ingichka qoʻl-oyolarini qanday boshqarishni bilmay qoladi. Bu oʻsish yoshida qizlar qadlarini egibroq yurishga odatlanib qoladilar. Agar aynan shu yoshda bolalarning oʻzlariga, yurish-turishlariga e’tibor berishlari ortajagi inobatga olinsa, ularning bu beoʻxshovlikdan qanchalar iztirobga tushishlari, oqibatda asabiy va qaysar boʻlib qolishlari sababini tushunishimiz mumkin. Oʻsmir doimiy ravishda oʻzining qomati bilan boshqalarnikini solishtiradi. Agar boshqalardagi fazilat, aytaylik, adl qomatni oʻzida koʻrmasa siqila boshlaydi.

Bu yoshda badandagi quvvatning asosiy qismi jismoniy oʻsishga sarf etilishi natijasida oʻsmir oʻzini behol seza boshlaydi. Qoʻshimcha dam olishga, tartibli ravishda quvvatli taom iste’mol qilishga ehtiyoji kuchayadi. Agar bola biz aytgan ishni bajara olmasa, asabiylashamiz, uni urishamiz. «Charchadim», desa buni bahona sifatida qabul qilib «Yosh bola narsa uyalmaysanmi, shu yoshda ham charchaydmi?»- deb uyaltiramiz. Ota-onalarning juda oz qismi farzandidagi bu jismoniy va jinsiy oʻzgarishlarni hisobga oladi. Oʻzining ham bir paytlar shu jarayonni bosib oʻtganini unutib qoʻyadi.

Tibbiyotchi olimlarning kuzatishicha, bu yoshda yurakning hajmi ham kengayar ekan. Qon tomirlari esa shunga mos ravishda kengaymay ikki-uch yil avvalgi holatini saqlab qolarkan. Qon bosimi oshishini biz kattalarga xos kasallik deb bilamiz. Holbuki, aynan shu oʻsmirlikka oʻtish yoshida (oʻgʻil bolalarda 12-13, qiz bolalarda 10-12 yoshda) qon bosimi 140, ba’zan 150ga qadar koʻtariladi. Toʻqqiz yoshli bolaning qon bosimi 90 ekani hisobga olinsa, bu oʻsishning miqyosini his etish mumkin. Bosimning bunday oshishi vaqtinchalik holat. Bu paytda oʻsmirning boshi aylanadi, ovqat hazm qilishi ham buziladi, qorin atrofida ogʻriqlar sezadi.

Oʻsmir oʻzidagi bu noxush oʻzgarishlar sababini anglayolmay qiynaladi. Sabablarni ota-onasidan soʻrashga uyaladi. Harakatlarini jonlantirish evaziga bu noxushliklardan qutulmoqchi boʻladi-yu, ammo battar holsizlanib qoladi. Badandagi turli a’zolarning bir xilda, bir-biriga mos ravishda oʻsmasligi koʻkrak qafasi va oʻpkada ham seziladi. Qon bosimi oshishi oqibatida bolaning koʻkragi qisiladi, yurak urishi tezlashib, kechalari uxlay olmaydi. Hatto yurak urishida meyor buziladi.

Biz, kattalarning kamchiliklarimizdan biri - farzandlarimizdagi mana shu jismoniy oʻsish jarayonida jinsiy uygʻonish boshlanishini e’tiborsiz qoldiramiz. «Bolamiz katta boʻlib qoldi, ulgʻayyapti», deb quvonib yuraveramiz. Bu jarayon tufayli bolaning fikrlashida, his-hayajonlarida, kattalar bilan, hatto oʻz tengdoshlari bilan muomalasida jiddiy oʻzgarish sodir boʻlayotgani esa bizlarni tashvishlantirmaydi, sergaklantirmaydi. Toʻgʻri, farzandimiz muomalasidagi oʻzgarishni sezamiz ammo biz ham muomalamizni oʻzgartirishimiz zarurligini fahm etmaymiz. Afsusli yeri shundaki, bizda hali ham jinsiy tarbiya masalasi ikkinchi hatto uchinchi darajali hisoblanadi. Ota-ona farzandlari bilan bu haqda gaplashishni uyat deb biladilar. Yaxshiki, ayrim onalar qizlariga kerakli e’tiborni qaratadilar. Otalar esa oʻgʻillari bilan bu haqda deyarli gaplashmaydilar Shuning natijasidamikin, ota bilan oʻgʻilning orasidagi masofa yaqinlashish oʻrniga uzoqlashib boraveradi. Zarur tarbiya ota-ona tomonidan berilmagach, oʻsmir oʻziga kerakli odobni horijning behayo filmlaridan oladi.

Tanishimizning oʻn yettiga toʻlmagan farzandi bir qizni zoʻrlashda ayblanib, qamaldi. Ikkinchi tanishimiz bu voqeani sharhlab, dediki: «Ayb otasida. Bir kuni hojatxonasiga kirsam, yalangʻoch ayollarning suratlarini osib tashlashibdi. «Bu nima qilganinglar?» desam, «Hozirgi yoshlarning erotik tarbiyasiga e’tibor berish kerak,shunaqa suratlarni koʻrsa koʻzi pishadi-da, yomon yoʻldan tiyiladi», deydi. Mana, oqibat - koʻzi ham pishmadi, oʻzi ham tiyilmadi, battar boʻldi, erotik tarbiyasi oʻzining boshiga tashvish soldi.» Yevropaliklar «erotik tarbiya», deb atayotgan narsani biz «jinsiy tarbiya», deb tushunadigan boʻlsak, bu sohada nihoyatda ehtiyotkor boʻlinmogʻi shart. Chunki «erotika»ning nechogʻli zarar ekaniga bu tarbiyaning tarafdorlari boʻlmish Yevropa va Amerika qit’asi mamlakatlari guvoh boʻlib turishibdi. Oʻsmirlar orasida jinsiy xastaliklarning va qamalishlarning ortib borayotganini biz ta’kid etmasak ham boʻlar. Bu tarbiya alamini totayotgan mamlakatlarning figʻoni koʻkka uchayotgan damda sharqqa olib kelmoqlikka urinish aqlsizlik emasmi? Amerika yoki Yevropadagi «donishmandlar» «San’atdagi erotika tarbiyaga yordam beradi, seksni koʻrsatish zararli», deyishadi. Biz ularga oʻzbek maqoli bilan javob beraylik: «Oq it - qora it, bari bir it emasmi?» Endi mazkur atamaning lugʻaviy ma’nosiga kelsak, asli yunoncha boʻlgan bu soʻz jinsiy xirslarni benihoya darajada qoʻzgʻotishni, ishqiy maishatga intilishni anglatadi. Esi butun odam uchun bunda ijobiy ma’no mutlaqo yoʻq. Ijobiy tarbiya haqida gapirmasak ham boʻladi. Ba’zilar «Erotikaga doir filmlarni oʻsmirlar ham koʻrsa boʻladi, faqat uning oqibatini tushuntirish kerak»,- deydilar. Bu «donolar»ga aytamizki: «Afandilar, siz oʻsmirga behayo lavhani koʻrsatdingizmi, tamom, uning koʻzi koʻr, qulogʻi kar boʻldi. Yaxshi narsani koʻrishni, yaxshi gapni eshitishni istamaydi. Uning xayoli faqat koʻrgan lavhasi bilan band.» Shunday ekan, erotikani jinsiy tarbiya usuli demoqlik - ahmoqlikdan boshqa narsa emas.

Bu yoshga yetgan oʻsmirning miya qobiqlarida, asab hujayralarida ham jiddiy oʻzgarishlar kuzatiladi. U bolalarcha fikrlashdan voz kechib mavhum fikrlashga oʻta boshlaydi. Oʻsmirlarning (Qizlarda ertaroq, yigitchalarda sal kechroq) fikrlash tarzida muhim oʻziga hoslikni koʻrish mumkin. Ya’ni: maktabda eshitganlari, kitoblardan oʻqib bilganlari, atrofni kuzatish natijasida tushunganlarini oʻzining shaxsiy oʻy-xayollari, xislari, tashvishlari bilan solishtirib koʻradi. Koʻrgan-eshitganlaridan oʻzining manfaatiga, qiziqishiga, qarashlariga moslarini ayirib oladi. Ayirib olish, solishtirish vaqt oʻtgan sayin kuchayib boraveradi. Oʻzini oʻzi anglash jarayonidagi muhim omil hisoblanmish bu narsa ruhshunoslar tilida oʻz qilmishiga oʻzicha baho berish, oʻzicha fikr bildirish, oʻzicha kuzatish, oʻzicha qabul qilish deb ataladi va ota-onalar, muallimlarni tashvishga soluvchi turli kelishmovchiliklarni yuzaga chiqaradi. Oʻsmir ongida «Ota-onam kabi, oʻqituvchilarim va boshqa kattalar singari men ham alohida shaxsman», degan fikr uygʻonadi. Bu fikr ajib bir kashfiyot singari uni avvaliga hayron qoldiradi soʻng yangi-yangi fikrlar oqimiga yoʻl ochadi. Goʻdaklik chogʻida hech kim oʻzini otasi yoki muallimi bilan tenglashtirmaydi. «Men ham otam kabi shaxsman», degan ishonch oʻsmir ongidagi shoxsupada oʻtirgan ota-onani, muallimni pastga tushiradi. Endi oʻsmir kattalarning hatti-harakatlarini diqqat bilan kuzatib, olam-olam kamchiliklar topa boshlaydi. Boshqalarni kuzatgani sayin oʻziga boʻlgan e’tibori ham kuchayadi. Oʻziga boʻlgan e’tibor hamma vaqt ham oʻzini yaxshilashga qaratilmaydi. Mana shu nuqtada atrof muhitning tarbiya kuchi, ma’naviy boyliklardan foydalanishning qay darajada ekani muhim ahamiyat kasb etadi.

Yosh bola tarbiyachining (ota-ona yoki muallimning) «bu yaxshi - bu yomon, bu mumkin - bu mumkin emas», degan gaplariga ishonadi. Bu gaplarni u haqiqat oʻrnida qabul qiladi. Tarbiyachi ham oʻzini yosh boladan ustun qoʻyib oʻrganib qoladi. U kechagi yosh bolaning bugun oʻsmirlik olamiga kirganini, unda kattalar bilan tenghuquqlik da’vosi uygʻonganini, kattalar singari endi oʻzini oʻzi erkin boshqarish istagida yonayotganini, atrofida faqat borliqni emas, balki bu borliqda oʻzini ham koʻrayotganini, oʻzi uchun joy - oʻrin talab qilayotganini tasavvur ham etmaydi. Tasavvur etmadimi, buyruq va talab yoʻlidan voz kechmadimi, demak, u yangi shaxsning tugʻilayotganini sezmabdi, tarbiyada xatoga yoʻl qoʻyibdi. «Bolam (yoki oʻquvchim) mening gaplarimni sariq chaqaga olmaydi», degan nolishlar aynan mana shuning oqibatidir. Bu oʻrinda sababni bolaning qaysarligidan emas, oʻzimizdan ham qidirishimiz kerak boʻladi. Sergak tarbiyachi oʻsmirning fe’lidagi oʻzgarishlarni nazardan chetda qoldirmaydi. Oʻsmirning kattalar gap-soʻzlariga ehtiyotlik, ba’zan tanqidiy munosabatda boʻlishi, oʻjarligi, arzimagan narsaga ham tez asabiylashishi, ba’zan esa qoʻpollashib qolishi tarbiyasining buzilishdan nishona emas, balki vujuddagi tabiiy oʻzgarishlarning ta’siridir. Bunaqa paytda «Tamom, bola buzila boshlabdi!» deb hukm chiqarib, darrov keskin choralar koʻra boshlash yaramaydi.

Biz - kattalar bolalarni kuzatib yuramiz, ularning hatti-harakatlariga baho beramiz, turli davralarda ular haqida soʻz yuritamiz. Bu sohada biz osmonda, bolalar yerda. Biz yerda ham shunday hayot davom etishini oʻylab koʻramizmi? Bolalar bizni sinchiklab kuzatishlarini, tilimizdan uchgan gaplarni muhokama etishlarini, ba’zan bizning sha’nimizni himoya qilib, ba’zan esa balchiqqa bulgʻashlarini, eng muhimi aytgan gapimiz bilan ishimizning bir-biriga mos yoki mos emasligini tahlil etib, xulosa chiqarishlarini bilamizmi?

Kim «Farzandim men haqimda mana bu, mana bu fikrda», deb aniq ayta oladi. Bir xonadonda kuzatgan edim: ota sigaretni bemalol tutatib olib, chekishga oʻrganayotgan oʻgʻliga tanbeh bergan edi. Oʻzicha chekishning zarari haqida gapirgach, agar gapga kirmasa kaltaklanishi aniqligini ma’lum qilish bilan tarbiyaviy soatni yakunladi. Bola «Oʻzingiz-chi?» degan savolni bergisi keladi ammo va’da qilingan kaltakka muddatidan oldin yetishib qolishidan qoʻrqib indamaydi. Indamaydi-yu, pana-panada chekishini davom ettiraveradi. Ichkilikning zarari toʻgʻrisida gapirgan boboga nabira «Oʻzingiz ham rosa ichgansiz-ku?»- deb ta’na qiladi. Bobo «Ha, ichganman, oʻshaning zararidan hozir koʻp kasal boʻlaman»,- deb fatvo topadi. Biroq, oʻsmirga bu gap ta’sir qilmaydi. Bu oʻrinda, avval aytganimiz shaxsiy namunani, xurmo yeyishni kamaytirgan donishmandni eslasak joiz.

Yaqinda safarda boʻlganimda bir kishi menga xotira daftarini koʻrsatdi. Oʻn olti yoshida u ibratli bir kashfiyot qilgan ekan. Daftarning bir sahifasida ota-onasi, qarindoshlari, oʻqituvchilarning ta’rifu tavsifi, ularning oʻsmir koʻziga koʻringan qusurlari, ikkinchi sahifasida esa uning oʻz ishlari, xato -kamchiliklari bayon etilgan edi. Ajabki, kattalarning xato-kamchiliklari, hatto yomonliklari oʻsmirnikidan ancha koʻp ekan. Bunday kuzatishlarini hamma ham daftarga yozavermaydi. Ammo deyarli hammada bunday tahlil mavjud. Ozmi-koʻpmi deyarli har bir oʻsmir atrofda koʻrgan-bilganlari asosida oʻzini oʻzi tarbiyalashga ham harakat qiladi. Tashqi ta’sir bizning gapimizdan koʻra koʻproq quvvatga ega boʻladi. Xalqda «Hamma oʻz qarichi bilan oʻlchaydi», degan naql bor. Oʻsmir oʻqigan, koʻrgan, bilgan narsalarini oʻz ongi darajasida tahlil qiladi va koʻpincha biz kutmagan voqealar sodir boʻladi.

Aytaylik, bir kitobda oʻsmir oʻlimning tasvirini, hayot va oʻlim haqidagi mushohada bayonini oʻqidi. Siz bilan biz uchun bu oddiy bayon. Odamlarning, hatto eng yaqin kishilarimizning vafotiga koʻnikkanmiz, bu masalada diydamiz qotib qolgan. Qachondir bu dunyoni tark etishimizni his qilmasak ham bilamiz. Bu dunyoda koʻrganimizni koʻrdik, u dunyoga rixlat qilish kattalar uchun u qadar fojea boʻlib tuyulmas. Ammo oʻsmir buni butunlay boshqacha qabul qiladi. Oʻlim bayonini oʻqigach, unda «Men ham oʻlamanmi!» degan azobli fikr uygʻonadi. Ruhiy qiynoqqa ham tushadi. Men shunday bolani kuzatgan edim. U birdaniga hamma narsaga befarq boʻlib qolgan edi. Koʻchada oʻrtoqlari oʻynasalar qoʻshilmaydi, oʻrtoqlari qizlarga gap otadilar, tegajoqlik qiladilar, u esa e’tiborsiz. Uni »Hamonki hamma oʻlar ekan, odamlar nima uchun bu qadar oʻynab-kuladilar, nima uchun mayda-chuyda narsalarni talashadilar, bir-birlari bilan urushadilar?» degan savol qiynardi. Avvallari agar biron oʻsmirda bunday holat kuzatilsa, tarbiyachilarimiz «dindorlar yoshlarni u dunyo azoblari bilan qoʻrqitib, miyasini zaxarlagan», degan xulosaga kelishardi. Bu notoʻgʻri tushuncha. Oʻsmirga diniy gap aytilmasa ham, biz zikr etganimizday kitobda oʻlim haqida oʻqimasa ham hayotdagi bir voqea sabab boʻlib shunday ruhiy azobga bandi boʻlib qolishi mumkin. Kuzating-a, otasi yoki onasi (yoki aka-opasi) vafot etgan 25-30 yoshli odam bilan oʻsmirning ruhiy holati bir hilmikin? 25-30 yoshli odam otasini dafn etib kelgach, kechasi yotib uxlashi mumkin. Ammo oʻsmir uxlay olmaydi. Hatto xaftalab koʻziga uyqu kelmaydi. Ruhiy azoblari kattalar his qila olmaydigan darajaga yetadi. Otasining vafotidan soʻng hotirjam yashashda davom etayotgan aka-opalaridan nafratlana boshlaydi. «Agar hayotning intihosi shu boʻlsa, bu dunyoda yashash shartmi? Men ham bir kuni uylanaman, xotinimni, bolalarimni boqaman, katta qilaman, keyin oʻlaman. Goʻrga qoʻyib kelishgandan keyin ular ham chaqchaqlashib yashayverishadimi?..» Oʻsmir hayotning achchiq haqiqatini shu koʻrinishda angladi.

Endi u borliqda oʻziga ajratilgan oʻrindan ham norozi. Atrofdagilar koʻziga xunuk koʻrinib, ular bilan uchrashmoqlikni, gaplashmoqlikni istamaydi. Hamma narsaga loqayd qaraydi. Hatto bu dunyodan ketishni ham oʻylab qoladi. Bunday holda oʻsmirning yaqinlari uni ruhiy kasallikka chalingan, deb oʻylaydilar. Folbinlarga yuguradilar, domlalarga borib dam soldiradilar. Agar oʻsmir ularning bu harakatlarini sezsa dardu gʻazabi battar oshadi. Toʻgʻri, oʻlim voqeasi sabab boʻlib oʻsmirning ruhi parchalandi. Buni tibbiy tilda «shizofreniya» deyishadi. Lekin bu telbalik, devonalik yoki jinnilik emas. Bu dardni kimyoviy dorilar bilan davolab boʻlmaydi. Bu dardning davosi - yaxshi munosabat, chidam. Kattalar oʻsmirning barcha qiliqlariga chidashlari kerak. Oʻsmirning bu dardi bir necha yilga ham choʻzilishi mumkin. Uni fojia izdan chiqardimi, kutilmagan yaxshilikning ta’siri yana asliga qaytarishi mumkin. Bu jarayonda oʻsmirga dildan soʻzlasha oladigan, sirlasha oladigan mehribon suhbatdosh kerak, juda kerak.

Tanishimizning janozasiga borganimda oʻn besh yoshli qizi «Amaki, hamma oʻlib-oʻlib, oxiri dunyoda hech kim qolmaydimi? Odam bilan jonivorning nima farqi bor unda? Baribir shunday oʻlib ketaversa dunyoda yashashning nima qizigʻi bor? Meni oʻqishga majburlashadi. Baribir oʻlib ketsam, bu ozgina hayotda bilimning menga nima keragi bor?»- deb soʻrab qoldi. Bunaqa paytda biz - kattalar bolalarni deyarli bir hil gaplar bilan ovutamiz. Chunki bizning yuragimizda bola qalbini tirnayotgan dard, azob boʻlmaydi. Dardli savolga qaytarilgan dardsiz javobdan esa oʻsmir qoniqmaydi.

Tanishlarimdan biri tashvishlanib:
— Keyingi kunlarda qizim gʻalati boʻlib qoldi. Oʻylanib oʻtiraveradi, men bilan gaplashgisi kelmaydi,-dedi.
— Biror koʻngilsiz voqea yuz berdimi?-deb soʻradim.
— Yoʻq, koʻngilni ogʻritadigan gap-soʻz boʻlmadi. Uch kun oldin ertalab tursam, hovlida oʻtiribdi. Bitta kitobni koʻksiga bosib olgan. Yigʻlayapti. Qizimning ertalab turadigan odati yoʻq edi. Jin-pin chalib ketibdi shekilli, deb qoʻrqib ketdim.
— Koʻksiga bosgani qanday kitob ekan? Qiziqmadingizmi?
— «Oʻtgan kunlar» ekan. Endi kitob oʻqishga qoʻymayapman.

Tanishim qizimdagi oʻzgarishning sababchisi deb kitobni ayblab, qisman toʻgʻri xulosa chiqargan. U eng asosiy sababni tushunmagan: farzandining endi yosh qizcha emasligini, qizlik olamiga kirib, fikrlay boshlaganini sezmagan.

Shu voqeadan soʻng bir maktabda kichik tajriba oʻtkazdik. Yuqori sinf oʻquvchilaridan Kumushning taqdiriga oid erkin insho yozib berishlarini iltimos qildik. Bolalar inshoni uyda yozib kelishlari lozim edi. Kutganimizdek, oʻgʻil bolalarning sakson besh foizi insho yozmadi. Yozganlari ham darslikdan tashqariga chiqmagan. Qizlar tomonidan yozilgan inshoning qirq foizida erkin fikrlashga intilish bor edi. Mazmunli deb hisoblaganimiz ana shu insholarning yarmidan koʻprogʻida Kumushning taqdiriga achinish bor. Kumushning oʻlimida ayrimlari Otabekni ayblashgan. Agar ikkala xotinga bir hilda munosabatda boʻlganda Zaynab kundoshini zaxarlamas edi, degan xulosaga kelingan. Bizni ajablantirgan insholarda qizlar Kumushning oʻlimiga achinmay, balki «oʻlimiga oʻzi sababchi boʻlgan, oʻzi kundoshining gʻashiga tekkan», deb hukm chiqarishgan.

Qizlarning bu fikrlari oʻsmirlarning dunyoqarashlari zamonga xos ravishda oʻzgarib turadi, deb avvalroq bayon etgan da’voimizni yana bir bor tasdiqlasa kerak. Har holda oltmishinchi yoki yetmishinchi yillaridagi maktab oʻquvchilari bu tarzda insho yozmas edilar. «Otabek va Kumush chin muhabbat egasi», degan gapdan nari oʻtmas edilar. Kumushning oʻlimiga boʻlgan turlicha qarash, fojeadan turlicha ta’sirlanish oʻsmirning borliqdagi oʻz oʻrnini qanday topishini belgilovchi omillardan biri desak ham boʻladi. Kumush oʻzining oʻlimiga oʻzi sababchi, degan qiz erta nahorda turib, kitobni bagʻriga bosib yigʻlamaydi. Atrofdagilardan nafratlanmaydi. Uning his-tuygʻulari, iroda kuchi boʻlakcha. Hayotdagi adolatsizlikni koʻrganda tushkunlikka tushmaydi. Yengib oʻtishga intiladi.

Oʻsmirning hayotda oʻz oʻrnini topishga intilishi bilan bir ozgina tanishgach, endi oʻz joniga qasd qilgan yigitcha bilan qizning taqdiriga qaytsak boʻlar. Bu haqda siz ham oʻylab koʻrgandirsiz. Aslida voqea bunday boʻlgan: oʻsmir tarbiyasi buzilgan yomon bola emas. U oʻz mahallasida emas, shaharning boshqa qismida joylashgan litseyda oʻqiydi. Har bir maktabmi, litsey yoki kollejmi, kinoxonami, shuning atrofida «zoʻr»lar in qoʻygan boʻlishadi. Bu zoʻrlarni balogʻatga yetmaganlar bilan shugʻullanuvchi militsiya xodimi ham biladi. Oʻtgan-ketganda «bu yerda oʻtirmalaring», deb tanbeh ham beradi. Militsiya xodimining bundan boʻlak harakatga xuquqi yoʻq. Bekor gap sotib oʻtirganlarni olib borib qamay olmaydi. Agar ular birovni urishsa yoki tunashsagina asos boʻladi. Oʻsha «zoʻr»lar bu jinoyatga albatta qoʻl urishlarini bilsa ham, isbot-dalilsiz biror chora koʻra olmaydi. Xullas, biz aytgan yigitcha oʻsha «zoʻr»larning zugʻumiga duch keladi. Ular har kuni pul talab qilishadi. Ularning odati shundayki, kim aytilgan pulni berib tursa, talabni oshiraveradilar. Pul bermagan bola kaltaklanadi. Ma’lumki, ba’zi bolalar kaltakdan qoʻrqmaydi, musht yesa ham chidab yuraveradi. Ayrimlar esa hatto chertishdan ham zirillab turishadi. Biz aytgan yigiticha shunday toifadan edi. U avvaliga ovqatlanish uchun berilgan pullar bilan qutulib yurdi. Keyin talab osha boshlagach, buvisining qutisidagi puldan ola boshladi. Bunaqa paytda ba’zi bolalar ota-onasiga voqeani aytadi. Kattalar aralashgach, masala ijobiy hal etiladi ham. Lekin dardini ichiga yutadiganlar ham oz emas. Ular oʻzlaricha chora izlashadi, lekin topa olishmaydi. Oʻsha yigitcha ham otasiga aytishi mumkin edi. Lekin aytolmadi. «E, latta, shularga kuching yetmaydimi, mishigʻingni oqizib yurovur...»- deganga oʻxshagan gap eshitishni xohlamay aytmadi. U ikki oʻt orasida qoldi.

U oʻzini oʻgʻirligi uchun, qoʻrqoqligi uchun aybladi. Tunlari uxlamay oʻsha «zoʻr»lar bilan olishib chiqdi. «Ertalab boraman, «Nima qilsang qil, oʻldirsang oʻldir, pul yoʻq», deyman»,- deb qaror qiladi-yu, «zoʻr»larni koʻrgach, dami chiqqan pufak holiga tushadi. Bora-bora buvisi puli yoʻqolganini biladi. Yigitcha uning «oʻlimligimga yigʻib qoʻygan pulim edi-ya, qaysi bemehr oldi?»- degan gaplarini eshitib qoladi-yu, oʻn azobi ming boʻladi. Ichga yutilgan dard uni kemira boshlaydi. «Men oluvdim, shunaqa voqea boʻluvdi», desa - olam guliston. Ota-onasi ham, buvisi ham bir oz koyib, soʻng unutishardi. Yoʻq, bu bizning fikrimiz. Oʻsmirning fikri uning gʻoʻr gʻururi boshqacha yoʻlga undaydi. Bir necha soʻzdan iborat gapni aytishdan koʻra oʻlimni tanlamoqlik unga oson tuyuladi. Bu nuqtada iroda zaifligi, borliqni toʻgʻri anglay olmaganlik, fikr oqsoqligi, tahlil va notoʻgʻri xulosa chiqarish ustunligi uchrashib oʻziga oʻlim hukmini tanlagan. Oʻsha «zoʻr»lar bilan kurashish, otasi yoki onasiga adolatsizlikni tushuntirishga urinishdan koʻra oʻlish unga osonroq tuyulgan. Bu oʻrinda oʻsmir oʻzligini tanishda adashdi. Bolasini hamisha tergab turuvchi ota-ona esa farzandi bilan oʻzlari oralaridagi masofa uzoqlashib borayotganini sezishmadi. Oʻrtada ishonchsizlik devori koʻtarilayotganini koʻrishmadi. Tarbiya haqida gap ketganda ayrimlar «ota-ona bolasiga doʻst boʻlishi kerak», deydilar. Shunday suhbatda bir ayol «Men - onaman, bolamga doʻst emasman. Meni ona sifatida hurmat qilishini xohlayman»,- dedi. Ayolning bu talabini inkor etmoq qiyin. Lekin «bolaga doʻst boʻlish» deganda asl ma’noni anglamaslik kerak. Ma’lumki, oʻsmir ota-onaga ayta olmaydigan ayrim gaplarni oʻrtoqlariga aytadi, ular bilan maslahatlashadi. Ularning maslahati bilan biron yaxshi yoki yomon ishga qoʻl uradi. «Bola bilan doʻstlashish» - farzandingizga shunday yaqin boʻling-ki, u dardini oʻrtogʻiga emas, sizga aytsin, siz bilan maslahatlashsin, demakdir.

Oʻsmirlardagi his-tuygʻu darajasining bir-biridan farqlanishi hayotda oʻz oʻrinlarini tanlashlariga sezilarli ta’sir koʻrsatadi. Oʻzining joniga qasd qilgan yigitcha ta’sirchan, tuygʻulariga bandi boʻladigan toifadan edi. Agar u his-tuygʻuga berilmaganida bu yoʻlni tanlamasdi. Afsuslanardi, uzr soʻrardi, vassalom. Demoqchimizki, tarbiyachi oʻsmirlik olamiga oʻtayotgan yoki oʻtgan bolaning his-tuygʻulari bilan ham hisoblashishga majburdir.

Ikkinchi voqeaga kelsak, bu fojiada ham his-tuygʻuning kuchi inobatga olinmagan. Bizda gʻalati bir odat bor: maktab oʻquvchisi sevib qolibdi, degan gapni eshitsak, xayolimizga darrov yomon fikr keladi. Sevibdimi - demak, buzila boshlabdi. Bizningcha, maktab yoshida sevish mumkin emas, maktab yoshida faqat oʻqish kerak, deb hisoblaymiz. Buni haqiqat oʻrnida qabul qilish - bizning nodonligimizdir. Chunki sevish-sevilishni biz belgilamaymiz, bu bizning istagimiz bilan boʻlmaydi. Bu - tabiiy jarayon. Bola tabiat tomonidan uygʻotildimi, bas, uni tosh qal’aga yashirib qoʻysangiz ham koʻngliga sevgi oralaydi. Biz sevgiga qarshi yurmay, buning muqaddas tuygʻu, benazir ne’mat ekanini avvalo oʻzimiz tushunib, soʻng farzandimizga anglatishga urinishimiz kerak.

Bir maktabda shunday boʻlmabdi. Yuqori sinfda oʻqiydigan qizga shu sinfdagi yigitcha muhabbat izhorini yozadi. Ittifoqo maktub oʻqituvchining qoʻliga tushadi-yu, olov boʻlib yonadi. Bu muallima yuqorida zikr etganimiz - sevgini jinoyat oʻrnida qabul qiluvchi toifadan edi. U qizni turgʻizib koʻpchilikning ichida izza qiladi.

Bu ham yetmaganday «sinfdoshinglar buzuq yoʻlga kiribdi, unga tupuringlar», deb bolalarni tupurishga majbur qiladi. Qiz bu nomusga chiday olmay uyiga kelib oʻziga oʻt qoʻyadi. Qiz bu bilan oʻzicha isyon etadi. Lekin uning bu isyonini atrofdagilar toʻgʻri qabul qilishmaydi. Aksincha, «buzilgan ekan, sharmandalikdan qoʻrqibdi», deb xukm chiqarishadi. Agar qizning tuygʻulari kuchli boʻlmaganida u dardni yigʻi bilan yengardi yoki muallima bilan gap talashib boʻlsa-da, oʻzini himoya qilardi.

Quriyadagi jahon birinchiligida ishtirok etgan Turkiya terma jamoasida Umid Davala degan futbolchi oʻzining mahoratli oʻyini bilangina emas, sochi bilan ham koʻpchilikning diqqatini tortgan edi. Uning sochi xuddi joʻjaxoʻrozning tojini eslatardi. Oʻsmirlikda mashhur kishilardan birini yoki bir nechtasini «kumir» deb bilib, unga oʻxshashga intilish boʻladi. (Kumir -asli majusiylarning sanamga topinishi ma’nosini bildiradi. Hozir biror kimsaga gʻoyat ravishda koʻngil qoʻyib, uni joni-diliday koʻrib, unga sajda qilish darajasida yaxshi koʻrishi tushuniladi.) Turkiyalik bir yigitcha uchun bu futbolchi «kumir» ekan. Umid Davalaga oʻxshash havasi bilan sartaroshga borib sochini joʻjaxoʻrozning tojiday qilib oldiribdi. Bu ishi otasiga yoqmay sochini oldirib tashlashni talab qilibdi. Ota-bola orasidagi kelishmovchilikning yakuni - bola isyon qilib, oʻzini osibdi. Bu satrlarni oʻqib «shunaqa ahmoqlar ham boʻladi», dersiz. Toʻgʻri, bolaning ishi ahmoqlik. Lekin, biz aqllilar uning aqlsizligi sababini nega vaqtida tushunmaymiz?

Shunga oʻxshagan voqea oʻzgacha yakun topganiga kamina guvoh boʻlgan edi. Ota sartaroshga «oʻgʻlim kelsa sochini tag-tugi bilan olib tashlang», deb iltimos qilib ketadi. Sartarosh uning iltimosini ado etadi. Oʻgʻil bundan gʻazablanadi, lekin u futbolchining ixlosmandi yoʻlini tanlamaydi. Uning isyoni boʻlakcha - ikki oʻrtogʻi bilan kechasi kelib sartaroshxonani vayron qilib tashlaydi. Bu ishi uchun qamalgan bola bilan suhbatlashganimda u qilmishidan mutlaqo afsuslanmadi.

«Sartarosh jazolanishi kerak edi, men uni jazoladim»,- dedi faxr va mamnuniyat bilan. «Bu otangning talabi bilan boʻlgan-ku?»- degan soʻrogʻimizga: «Otam ham bundan buyon mening hayotimga oʻylab aralashadigan boʻladilar»,- deb javob qaytardi.

Bular nima: Oʻjarlikmi? Nodonlikmi? Ojizlikmi? Ha, oʻjarlik. Ha, nodonlik. Ha, ojizlik... Eng muhimi oʻsmirning hayotda da’vo qilayotgan oʻz oʻrni uchun kurashi. Bu kurashda yengib chiqish uchun u har qanday choradan foydalanishga tayyor. Biz bu kurashning mohiyatini anglab, uni hayot-mamot jangiga aylantirmay, ba’zan chekinishimiz ham kerak. Urushda dono sarkardalar faqat xujum bilan emas, balki tadbir bilan ham yengadilar. Tarbiyada xujumni afzal biluvchilar unutmasinlarkim, bunday «jang»da farzandlar qalblaridan yaralanadilar. Yaralangan qalbga malham topa olamizmi? Bu majruh qalbni davolay olamizmi? Yaralash oson. Tuzatish-chi?

Yuqorida bayon qilganimiz oʻz-oʻzini oʻldirish voqealarining oʻrganayotgan mavzuimizga aloqasi yoʻq, dersiz. Asti unday emas. Toʻgʻri, biz jinoyatga olib borishi mumkin boʻlgan yoʻllarni kuzatyapmiz. Oʻz-oʻzini oʻldirish esa jinoyatning ayni oʻzi. Bunday qotillikni barcha dinlar qoralaydilar. Biz- musulmonlarda janoza oʻqilmaydi, nasarolarda bular hatto qabristonga kiritilmaydi, tashqariga koʻmiladi. Sharafli hadisda rivoyat qilinishicha, gʻazotda nom chiqargan lashkarga havas qilib sahobalar: «Ey Ollohning rasuli, bu odam jannatimi?» deb soʻraganlarida paygʻambar alayhissalom: «Doʻzaxi», deb javob bergan ekanlar. Sahobalar bu javobning ma’nisiga yetmay yurgan kunlardan birida, ogʻir jangda oʻsha jangchi yaralanibdi-da, ogʻriqdan qutulish maqsadida oʻz koʻksiga xanjar sanchib, jon beribdi.

Islom yoʻlida jonbozlik qilganlari ham inobatga olinmay doʻzaxi qavmida ketgan ekan. Avval aytganimizdek, atrofdagilarga isyon sifatida har bir oʻsmir ham oʻzini oʻzi oʻldiravermaydi va biz ortiqcha vahima qilayotganimiz yoʻq. Maqsad - oʻsmirning ruhida kechuvchi har qanday oʻzgarishga nisbatan e’tiborni tortmoqlikdir.

Oʻsmirning biologik tomondan tez oʻsishini aytdik. Atrof-muhitni anglashi, ya’ni ijtimoiy jihatdan kamolga yetishuvi esa bu oʻsishdan ancha ortda qolgani sababli kattalar bilan ziddiyat kelib chiqadi.

Endi tasavvur qilaylik: ota va oʻgʻil yonma yon turishibdi. Koʻzlari bir nuqtaga qadalgan. Bu nuqtani «borliqni baholash», deb ataylik. Oʻgʻil biologik va ijtimoiy yetuklik orasidagi farqni ajrata olmaydi - ota esa bu ikki yetuklikni farqlaydi. Oʻsmir biologik va ijtimoiy yetuklikni bir deb biladi - Ota oʻgʻlini hali kamolga yetmagan shaxs sifatida koʻradi. Oʻgʻil balogʻat yoshiga yetganini anglab, oʻzini kattalar safida koʻrishni istaydi - ota oʻgʻilning bu da’vosini inkor etadi.

Ayni shu nuqtada farzand va ota-ona orasida kelishmovchilik, hatto kuchli ziddiyat paydo boʻladi. Oʻsmir oʻzini kamsitilgan hisoblaydi, koʻngli ogʻriydi. Kamsitgan odamga nisbatan, agarchi u ota yoki onasi boʻlsa-da, nafrat uygʻonadi. Kattalarning mehribonliklari ham yoqmay qoladi, hatto gʻashini keltira boshlaydi. Oʻzini katta, mustaqil odam ekanini isbot etish chorasini izlaydi (Sartaroshxonani vayron qilgan bolani eslaylik). Odob doirasidan uzoqlasha boshlaydi. Kattalarning illatlaridan nusha koʻchirishga urinadi. (Chekishga yoki mayxoʻrlikka oʻrganish bunga misoldir).

Bu oʻrinda ota-ona munosabatining ikki hil koʻrinishini kuzatamiz. Bir toifa bolasini hali ham goʻdak fahmlaydi va hayot yoʻllarida doimo qoʻlidan ushlab, yetaklab yurishni xohlaydi. Boshqa toifa esa «bolam endi katta boʻlib qoldi», deb uni oʻz holiga tashlab qoʻyadi. Bizningcha, har ikkala yoʻl ham xatarlidir. Tarbiyachi olimlar orasida «Bola emas, katta ham emas», degan ibora yuradi. Mana shu narsa ham ziddiyat keltirib chiqaruvchi omildir. Biz bolamizni tergasak: «Endi yosh bola emassan, kallangni ishlat!» deb tanbeh beramiz. Boshqa holatda esa «Sen hali yosh bolasan, bunaqa ishlarga aqling yetmaydi», deb kamsitamiz. Holbuki bu davrga kelib, farzandimiz biz sezmagan darajada ma’lum oqilikka ham ega boʻladi.

Roviylar aytmishlar: «Podshohning oʻng tomonida oʻz oʻgʻli, chap yonida xos xizmatkorining farzandi oʻtirishardi. Podshoh oʻgʻlidan soʻradi-ki:
-Oʻgʻlim, sen bu foniy dunyoda nimalarni orzu qilursan, koʻngling nimalarni qoʻmsaydur?
-Molu mulkim behadligi bilan shuhrat qozonmoqlikni, hamisha sharob ichmoqligu betoʻxtov shikorlarga chiqmoqlikni, ayshu-ishrat dengizidan suzmoqlikni orzu qilurman,-dedi shahzoda.

Shunda podshoh mazkur savolni xos xizmatkorning oʻgʻliga berdi.
-Davlatpanohim, men shafqatli va marhamatli, xayr-sahovatli boʻlmoqlikni, xalqqa xizmat etmoqlikni, jamiyatga foyda yetkazmoqlikni, barchaning mehru muhabbati, olqishini olishga yetishmoqlikni orzu qilaman,-debdi xizmatkorning oʻgʻli.

Hikoyatdan muddao shulki, har ikki farzand olamni oʻz otasining yonida turib koʻrdi va unda shunga yarasha dunyoqarashi shakllandi. Ularning aytganlari shunchaki havoga uchuvchi orzular emas. Aynan shu orzular ularning hayot yoʻllarini belgilaydi. Qobil farzand - ota-onasi uchun misli gavhar boʻlsa, noqobil farzand ular boʻynini boʻgʻib turuvchi misli ilondir, deydilar. Uning gavhar yoki ilon boʻlmogʻi bizning tilimizdan uchuvchi soʻzlarning ma’nisiga, bosajak qadamimizning pok yoki nopokligiga bogʻliq.

Donolar derlarkim: «Farzand - ota-ona uchun jondir. Bordi-yu, farzand noqobil boʻlsa - ozori jondir. Yomon farzand ota-ona uchun badandagi ogʻriq barmoqdir. Kesib tashlasa ogʻrir, kesmasa yana bir balodir. Farzand ota-ona koʻzining mehrgiyosi boʻlsa ham, noqobili xas-xashak bilan barobardir. Demishlarkim, agar farzand yomon yoʻlga kirsa, unday farzandning boridan yoʻgʻi yaxshidir. Biron a’zoni ilon chaqib olsa, oʻsha yer kesib olib tashlanmasa, odam oʻlim topadi...»

Albatta, donolar fikri anchayin qat’iy va ayovsiz koʻrinadi. Lekin nachora? Ota yoki ona juda kamdan kam hollarda farzandidan voz kechadi. Agar ilon chaqqan yerni kesib tashlamoq fikrini bugungi kun tiliga oʻgirsak - yomonlikni kasb etgan farzandning qamoqqa hukm qilinishi yoki bevaqt oʻlim topishi boʻlib chiqar? Har nima boʻlganda ham bundan Ollohning oʻzi asrasin!

Farzandimizning bolalikdan oʻsmirlik olamiga qadam tashlashi muborak boʻlsin. U oʻzini oʻzi anglay boshladimi, bilaylik-ki, bu ham ulugʻ ne’matdir. U ulgʻayganini bildirmoqchimi, marhamat qilaylik, koʻkragidan itarmay, safimizga olaylik. Farzand - talablarimizni soʻzsiz bajaruvchi qul emas. U ham fikrlovchi ongli inson. Bizning talablarimiz esa hamma vaqt ham toʻgʻri boʻlavermaydi.

Avvalgi
I- qism