OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiJinoyatning uzun yoʻli (II- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm216KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/21
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Jinoyatning uzun yoʻli (II- qism)
Tohir Malik

Qil koʻprik

  • Qozonga yaqin yurma

  • «Mening doʻstimni bilmaysiz»

  • Ikki koʻzi doʻst uchun fido

  • «Birinchi paxan»

Farzandimiz oʻzligini birdaniga tanib olmaydi. Unda bir kechada «Men» tuygʻusi tugʻilmaydi. Borliqni tanishda faqat oʻzining fikriga asoslanmaydi. Atrof-muhit ta’sirini chetlab oʻtolmaydi. Buni biz bilamiz va oʻgʻil-qizlarimizning doʻstlari bilan ba’zan qiziqib ham qoʻyamiz. Uning doʻstlari ta’bimizga oʻtirmasa, yoki bu doʻstning ota-onasini yoqtirmasak, farzandimizni bunday doʻstdan uzoqlashtirishga urinamiz. Bunday vaziyatda biz da’voimizni isbot etolmaymiz. «U bilan oʻynama», deb talab qilish bilan cheklanamiz. Bunday jarayonni hammamiz boshimizdan kechirganmiz. «Falonchi odobsiz, u bilan oʻynama», deyish bizlarga ota meros.

Doʻst tanlash hayotdagi eng murakkab masalalardan biri. «Doʻst deb yurib qoʻynimda ilon saqlagan ekanman», deb afsus chekuvchilarni koʻp koʻrganmiz. Doʻst masalasida bir-ikki kuymagan odam topilmasov. Shuning uchun ham farzandimizning doʻstlari bizlarni befarq qoldirmaydi. Ammo bu doʻstlarni yaxshi oʻrganmay, yaxshi bilmay turib inkor etishimiz farzandimizga yoqmaydi. Farzandimiz dadilroq boʻlsa «Siz oʻrtogʻimni bilmaysiz», deb bahslashib, uni himoya etishi mumkin. Dardini ichiga yutadiganlari esa «Adam (yoki oyim) bilsalar-bilmasalar har narsaga aralashaveradilar», deb ezilib yuraveradi. Biz yonimizdagi doʻstimizning qandayligini bilmaganimiz holda bir-ikki marta koʻrgan yoki eshitganimiz - farzandimizning oʻrtogʻi haqida hukm chiqarib qoʻyamiz. Biz aroqxoʻrning oʻgʻlini yoki koʻchada pista sotib oʻtiruvchining qizini farzandimiz bilan doʻstlashishini istamaymiz. Agar hokimning oʻgʻli bilan doʻstlashsa quvonchdan boshimiz osmonga yetadi. Chin doʻstlik bilan manfaat doʻstlikni oʻzimiz farqlamay turib, farzandimizni shu doʻstlik sari undaymiz. Agar farzandimiz hokimning oʻgʻlini boshlab kelsa uni eng aziz mehmonday kutib olamiz. Soyasiga koʻrpacha solamiz. Hokim ishdan ketgandan keyin kelgan oʻgʻilni esa ensamiz qotibroq qarshilaymiz.

Farzandimizning undan uzoqlashishini xohlab qolamiz. Bu haqiqatni farzandlarimiz koʻrib, fahmlab turishadi. Siz buni inkor etmassiz? Albatta, farzandimiz atrofida yomonlar boʻlishi ham mumkin. Balki ularning yomonliklari farzandimizga yaxshi boʻlib koʻrinar, ehtimol undan qoʻrqqani uchun yaqin yurishga majburdir. Biz buni ham hisobga olishimiz shart. Biz koʻproq «Qozonga yaqin yurma - qorasi yuqadi, yomonga yaqin yurma - yomonligi yuqadi», maqolini amalga oshirish payidamiz. Lekin «Har kim aybsiz doʻst qidirsa - doʻsti kamayib qoladi, doʻstlarini ranjitaversa - dushmani koʻpayadi», hikmatini ham unutmaslik kerak. Siz, muhtaram tarbiyachi, oʻgʻlingiz yoki qizingiz yoki ikkovini yoningizga olib qanday odamlar bilan doʻstlashmoq mumkinu qandaylardan narida yurmoq afzal, degan mavzuda hech suhbatlashganmisiz? Suhbatlashgan boʻlsangiz nimalar degansiz? Agar suhbatlashmagan boʻlsangizu farzandingiz «ada (yoki aya) doʻst tanlashimda menga maslahat bering?» deyishsa javobga tayyormisiz? Siz hozir shu savolni oʻylab turing, mazkur bobning nihoyasida bu masalaga qaytamiz. Hozir esa diqqatingizga bir hikoyatni havola etamiz:

Koʻchada ketayotgan otliq qariya bolalarning oʻyiniga razm solibdi. Aniqrogʻi oʻyinga emas, bolalarning hatti-harakatlariga e’tibor qilibdi. Bolalardan biri qariyani koʻrib oʻzini chetga olibdi-da, qoʻl qovushtirib salom beribdi. Boshqalar qariyaga qarab qoʻyishibdi-yu, oʻyinlarini davom ettirishibdi. Shunda qariya ular yonidan oʻtayotib uzugini tashlabdi-da: «Kim uzugimni olib uzatsa, suyunchi beraman»,- debdi. Bolalar talashib-tortishishibdi. Chaqqonrogʻi uzukni koʻtarib uzatibdi-da, suyunchidan umidvor boʻlibdi. Qariya yonini kavlagan boʻlib «Attang, hamyonim uyda qolibdi, suyunchini keyingi safar olasan», debdi. Shunda goʻyo uzukni taqaman deb yana tushirib yuboribdi. Suyunchidan umidini uzgan bolalar endi egilishmabdi. Salom bergan bola esa uzukni olib, changini artib, qariyaga tavoze bilan uzatibdi...

Bu bayonni oʻqigan har bir odam bolasining shunday baodob boʻlishini istaydi. Yoki farzandining doʻstlari shu bola kabi boʻlishini orzu qiladi. Lekin...

Koʻchada bolalarning oʻyinini hammamiz koʻrganmiz, ammo koʻpincha e’tiborsiz oʻtib ketishga odatlanganmiz. Keling, endi tasavvurimizda boʻlsa ham ularning oʻyinini sinchiklab kuzataylik:

Koʻchada yoki maydonchada bolalar oʻynashyapti. Yoshlari bir hil emas. Yosh bolalar ham, oʻsmirlar ham bor. Bir uydan Ali ismli bola chiqib keladi. Oʻyindagilar uni quvnab qarshi olishadi. Bir ozdan keyin boshqa uydan Vali chiqib keladi. Oʻyindagilar unga e’tibor ham berishmaydi. U bolalarga yaqinlashadi. Valini «nari tur», deyishmaydi. Chunki Vali asli yomon bola emas. Lekin ayni choqda bolalar uchun uning paydo boʻlishidan koʻra oʻyin qiziqroq. Xoʻsh, bu ikki bolaga nisbatan boʻlgan munosabatning siri nimada?

Siz, muhtaram tarbiyachi, oʻz farzandingizga nisbatan koʻchadagi yoki maktabdagi tengdoshlarining munosabati bilan hech qiziqib koʻrganmisiz? Bolalar sizning oʻgʻil yoki qizingizga Alini quvonib kutganday peshvoz chiqishadimi yo Valini qarshilaganday e’tiborsiz boʻlishadimi? Ehtimol uni oʻyinga qoʻshgilari kelmas, ehtimol undan bezib qolgandirlar. Balki u bolalarning ota-onalari ham sizning farzandingizni yoqtirishmas. Siz «Ali bilan oʻynama, u yomon bola», deganingiz kabi ular ham «Vali bilan oʻynama», deb tayinlashgandir? Agar birov sizdan «Oʻgʻlingizning doʻstlarini taniysizmi?»- deb soʻrasa, javobga qiynalmaysiz. «Ha, bittasi Boltavoy, yana bittasi Teshavoy»,- deysiz. Sizningcha shu tanishlikning oʻzi kifoya. Hafsala qilsangiz uning ota-onasi bilan qiziqarsiz.

Qiziqqanda ham birinchi galda ularning qaerda ishlashi siz uchun muhim boʻladi. Agar yana hafsala qilsangiz oʻgʻlingizdan «oʻrtogʻing yaxshi oʻqiydimi?»- deb soʻrab qoʻyarsiz. Siz «oʻgʻlim nima uchun Ali bilan emas, Boltavoy bilan doʻstlashib yuribdi? Boltavoyning qanday fazilati oʻgʻlimga yoqib qolibdiykin?»- deb oʻylaysizmi? Bu doʻstlik farzandingizga nima beradi? Aqlini boyitadimi? Yoki aksimi? Doʻstlikka intilish kim tomonidan boshlangan - Boltavoy tomonidanmi yoki farzandingizdami? Ular bogʻlab turgan narsa chirigan ipmi yoki puxta zanjirmi? Uning nomi nima - adolat, mehr-oqibatmi yoki xudbinlikmi?

Tan olaveraylik, bu narsalarni hammamiz ham oʻylayvermaymiz. Aytaylik, farzandingiz keyingi kunlarda gʻamgin boʻlib qoldi. Birovga qoʻshilgisi kelmaydi, gaplashishni istamaydi. Savolga qoʻrs javob beradi. Siz buni sezasiz va navbatdagi tarbiyaviy soatlarni boshlaysiz. Avvalroq aytganimizday, tarbiyangiz nasihat oʻqishdan iborat boʻladi. Nasihatlar kor qilmagach, jazolashga oʻtasiz. «Farzandingiz xasrat oʻtida kuyyapti, ruhi azob chekyapti, desak, «yosh bolada xasrat nima qiladi, ruhiy azobni tushunadimi?!» deb bizni jerkib berarsiz balki. Farzandingizga bir qarang-chi, u endi yosh bola emasdir, oʻsmirdir? Oq bilan qorani ajrata boshlagandir? Bu yoshda bolada siz bilan biz kutmagan kuchli xasrat toʻlqini aynan doʻst masalasida bosh koʻtaradi. Doʻstlar davrasiga qoʻshila olmasligi u uchun ogʻir musibatdir.

Boshlangʻich sinflarda bolaning oʻqituvchisi asosan bitta boʻladi. Soʻng muallimlar koʻpaya boradi. Bu degani hayotga, xususan doʻstlikka boʻlgan qarashlar turi ham oshadi. Boshlangʻich sinfdagi doʻstlik talablari bilan oʻsmirlikdagi talablar ham boshqa-boshqa. Bola kichikligida kattalar unga koʻpam e’tibor beraverishmaydi. Oʻsmirlik oylari boshlandimi, nasihat qiluvchilar koʻpayib qoladi. Ota-ona uyga kelgan mehmondan «Jiyaningizga nasihat qiling, yaxshi oʻqisin, qoʻrs boʻlmasin»,- deb iltimos qiladilar. Ayrim mehmonlar «Men bolangizning fe’l-atvorini, nimalarga qiziqishini bilmayman, mening nasihatim oʻrinli boʻlarmikin»,- deb oʻtirmay, mezbonning lutfidan ilhomlanib ketib, gapni boshlab yuboradilar.

Bogʻcha bolalarining oʻzaro oʻyinlarida ayrim qizlar xuddi murabbiyalari kabi boshqalarni tergaydilar. Bogʻcha opalari qanday baqirsalar, qanday urishsalar bular ham aynan qaytaradilar. Bola ulgʻaygani sayin bu munosabat murakkablashib boraveradi. Oʻsmirning vaqti endi koʻproq ota-onasi bilan emas, oʻrtoqlari bilan oʻtadi. (Siz ham bir chamalab koʻring, farzandingiz kunda umumiy hisobda necha soat siz bilan birga boʻlarkin?) Shuning uchun ham ba’zan sizga oʻz oʻrtogʻiga qilgan muomalalarini qaytaradi. Siz esa «Men sening oʻrtogʻingmanmi?»- deb gʻadablaysiz.

Bir ayol qoʻshnisiga aytyapti:
-Maydonchada oʻynayotgan bolalar orasida Boltavoyingizni koʻrdim. Naq generalning oʻzi-ya! Hammaga buyruq beradi: «Sen u yoqqa oʻt, sen chiqib tur»... Bola bechoralar ham indamay quloq solishadi.
-Mening Boltavoyim-a?-deb ajablanyapti ona.- Adashayotgandirsiz. Mening bolam moʻmin-qobil. Uyda churq degan ovozi chiqmaydi. Birovga buyruq beradiganlardanmas u.

Ona oʻgʻlining boshqalarga buyruq berishini tasavvuriga sigʻdirolmadi. Lekin uydagi ahvolni ham tahlil qilib koʻrmadi. Bu uyda hamma: bobo ham buvi ham, ota-ona, aka-opalar ham Boltavoyga buyruq berishadi. U uyidagilarga itoat etgani holda oʻzi ham boshqalarga buyruq berishni oʻrganardi.

Boshqa bir xonadonda oʻzgacharoq holatni kuzatamiz. Qizchani uyda hamma erkalatadi. Uning aytgani - aytgan, degani - degan. Xohlagan narsasi muhayyo. Uni buvisi «Xonzodaxon», deb alqaydi. Oilada naq malika maqomidagi Xonzoda maktabda butunlay boshqa - quyiroq martabada. Taltaymaydi, boshqalarga xukmini oʻtkazmaydi, aksincha, oʻzidan yoshi kattaroq va e’tiborliroq qizlarga boʻysunadi.

Bu oʻrinda oʻzaro munosabatlarning ikki hil tizimini kuzatamiz: birinchisi - «oʻsmir -kattalar», ikkinchisi - «Oʻsmir -oʻsmir». Bularning har ikkisi bola uchun ikki olam. Birida u tobe, kuzatadi, oʻrganadi, ma’qulini tanlaydi. Ikkinchisida oʻrganganini tadbiq etishga urinadi. Shu bois oʻsmirning tengdoshlariga munosabati kattalarning e’tiboridan chetda qolmasligi kerak. Bu shunchaki oʻzaro munosabat emas, oddiy harakatlar zamirida ham jismoniy ham ruhiy-ma’naviy kurash mavjud. Bola tengqurlari bilan boʻlgan bu gʻoyibona olishuvda oʻzining nimalarga qodir ekanini anglab boradi. Bu jarayon unga qiziqarli tuyulib, gʻayrati oshib borishi ham mumkin. Yoki aksincha, tengqurlari orasida oʻzi xohlagan maqomga erisholmasligiga koʻzi yetsa tushkunlikka tushadi, odamovilikni kasb qiladi. Oʻrtoqlarining ta’sirida farzandingiz birdaniga oʻzgarib qolishi mumkin. Siz tarbiya sohasida eplolmagan ishni oʻrtoqlari amalga oshirib bersa ajablanib yurasiz. Siz oʻgʻlingizning jismoniy tarbiya bilan shugʻullanishini, sogʻlom, baquvvat oʻsishini istaysiz. Lekin tanbal va erinchoq bolangiz soʻzingizga kirmaydi. Oʻzingizcha kuyib yurganingizda bir kuni ertalab qaraysiz-ki, u barvaqt oʻrnidan turadi, koʻchaga chiqib yuguradi. Siz ajablanasiz, sababini aniqlamoqchi boʻlasiz.

Doʻstlarning ta’sirida bola yaxshi tomonga oʻzgargani kabi yomon tomonga ham burilishi hech gap emas. Oʻsha ertalabki badantarbiyadan maqsad faqat chiniqish emas, balki yomon maqsadlarga tayyorgarlik boʻlishini siz u damda tasavvur qila olmaysiz.

Ota-ona doʻstga nisbatan toʻgʻri tanbeh bersa ham farzand buni oʻz vaqtida qabul qila olmaydi. Fozillardan birining aytmish soʻzlari diqqatga molik:

«Oʻsmirlik choqlarim bir yigitcha bilan doʻst edim. U hushchaqchaqligi bilan meni oʻziga rom qilgan edi. U bilan yurganimda sira zerikmas edim. Lekin u oʻrni kelib qolsa oʻgʻirlik qilishdan qaytmasdi. Men buni bilardim va uni bu yoʻldan qaytarish uchun koʻp nasihat qilardim. Otam ham doʻstimning illatini sezganlar shekilli, menga bir necha marta:

«Oʻgʻlim, bu oshnangdan yaxshilik chiqmaydi, doʻstlik aloqangni uz», deb tanbeh berdilar. Biroq, men oʻz bilganimdan qolmadim. Bir kuni koʻchada ketayotgan edik. Doʻstim bir sakrab begona bogʻning devoridan oshdi. Bogʻ egasining iti hurib qoldi. Xizmatkorlar koʻrindi. Men ham oʻrtogʻimga qoʻshilib qochdim. Dalada choʻponlarning itiga roʻpara keldik. Xullas, bizni oʻgʻri gumon qilib ushlagan choʻponlarga kimligimizni bildirib, arang qutuldik. «Boʻlma nojins bilan oshno, boʻl oʻzingga ehtiyot», deganlariday men otamning nasihatiga amal qildim va u bilan doʻstlik aloqamni uzdim...»

Bir yigitcha yoki qiz oʻgʻlingizni yoki qizingizni chaqirib keldi. Siz uni yaxshi tanimaysiz, lekin tashqi koʻrinishi sizga yoqmadi. Siz farzandingizga xavf soluvchi koʻcha ta’sirdan havotirda boʻlganingiz sababli uni ehtiyotlash maqsadida «oʻgʻlim (yoki qizim) uyda yoʻq», deb yuborasiz. Buni farzandingiz eshitib turadi va sizdan ranjiydi. Bu ranjish oshkora ravishda boʻlishi mumkin: bolangizning «Nega unday qildingiz?»- degan tanbehiga siz «Har xil qalangʻi-qasangʻi chaqirib kelsa chiqib ketaverasanmi?»- deb qoʻpollik bilan javob qaytarganingizni oʻzingiz ham sezmay qolasiz. Shunda farzandingiz dardini ichiga yutar yoki yana gap qaytarar: «Siz uning kimligini bilmaysiz, u yaxshi bola!» Shunda siz donolik qilarsiz: «Men odamning basharasiga qarab kimligini darrov bilaman. Yaramasligini afti-angori aytib turibdi. Bunaqalarga yaqin yurma...» Shunday hollarda oʻzaro qoʻrslik ancha davom etishi mumkin. Yoki bolangiz siz bilan gap talashib oʻtirmay shart uydan chiqib, oʻrtogʻiga yetib olishi, undan uzr soʻrashi ham ehtimol. Agar sizni oʻrtogʻiga yomon koʻrsatgisi kelmasa «Uxlab yotuvdim, onam (yoki otam) uydaligimni bilmabdilar»,- deb yolgʻon vositasida himoya qiladi. Demak, siz toʻqigan yolgʻon ikkinchi yolgʻonni tugʻdirdi. Sizning yolgʻoningizda gʻaraz mavjud.

Farzandingiznikida esa himmat borga oʻxshaydi. Aslida esa uning yolgʻoni zamirida «Men sen oʻylaganday yomon odamlarning bolasi emasman», degan haqiqat yotadi. Sizning yolgʻoningiz bolangizni sergaklantirib qoʻyadi. Agar oʻrtogʻi «ertaga uyingga kirib chaqirib oʻtaman, futbolga birga boramiz»,- desa uning yuragi bir titraydi-da: «Uyimga kelib ovora boʻlma, falon yerda uchrasha qolamiz»,- deydi. «Onamning (yoki otamning) yomon odatlari bor, uyimga kelsang meni «yoʻq», deb yuboradilar»,- deb haqiqatni ayta olmaydi. Bu oʻtkinchi narsalar emas, balki ota-ona bilan farzand orasidagi ziddiyatlarning tobora avjga chiqa borishidir. Bu xuddi yer ostida kuch toʻplayotgan vulqonga oʻxshaydi. Xamonki, vulqon kuch toʻplar ekan, bir kunmas bir kun portlaydi. Farzandingizning portlashi qanday boʻlarkin? Sizga qarab baqirib beradimi yo uydan chiqib ketadimi? Uchinchi yoʻldan Xudoning oʻzi asrasin...

«Hadeb bolangning koʻngliga qarayverma», degan oʻgitni hammamiz bilamiz va hammamiz bu nasihatga amal qilmaymiz. Ayniqsa puldorlar bu oʻgitni eshitgilari ham kelmaydi. Agar tanbeh bersangiz, «Men shu narsalarni koʻrmay oʻsdim, bolam koʻrsin»,- deb oʻzlarini oqlashadi. Bolani gʻoyat taltaytirish, gʻoyat yaxshi kiyintirish, boshqalardan ajratgan holda oʻstirishning halokatli jihatlarini bizdan avvalgi tarbiyachilar koʻp ta’kidlashgan. Xudo xohlasa, bizdan keyin ham qayta-qayta gapiriladi. Biz bolalar va oʻsmirlarni tarbiyalashdagi mashaqqatlarni yozib oʻtiribmiz. Bolaga nisbatan ota-onani tarbiyalashning gʻoyat ogʻir ekanini aytmasak ham boʻlar. Bolaga haddan tashqari oro bermoqlik uni xudbinlik, kibr toʻrlariga oʻrabgina qolmay doʻst tanlashda ham adashtiradi. Uning atrofida chin oʻrtoqlar emas, manfaat doʻstlari toʻplana boshlaydilar. Bunday bola ulgʻayganida chinakam doʻst topolmay qiynaladi. Doʻst niqobidagi munofiq va xoinlardan aziyat chekadi.

Kaminaga bir odam otasining donoligi xususida soʻzlab bergan edi. U kishining otasi savdo xodimi boʻlgan ekan. Otasining puldorligini bilgan yigitcha erkaliklar qilib turarkan. Bir kuni u «Ota, menga magnitofon olib bering», deb xarxasha qilibdi. Otasi:
-Magnitofon olib bersam, oʻrtogʻing Eshmatga ham berib turasanmi?-deb soʻrabdi.
-Nega berarkanman, bermayman, oʻzining otasi olib bersin,-debdi yigitcha.
-Shunday xayoling borligi uchun ham olib bermayman-da. Eshmatning otasi roʻzgʻorini zoʻrgʻa tebratadi, oʻgʻliga magnitofon olib berolmaydi. Men senga olib bersam, oʻrtogʻingning koʻngli ogʻriydi. Sen qizgʻanib, bermasang, oralaringdagi oʻrtoqchilik uziladi. Yaxshisi tomorqada ikkoving dehqonchilik qillaring, yetmaganini men qoʻshaman,- ota shunday deb, dehqonchilikka ham oʻzi boshchilik qilibdi.

Ota bir oʻq bilan ikki, balki uch quyonni urdi, desak mubolagʻa boʻlmas. Avvalo ikki yigitchaning doʻstligini saqlabgina qolmay, ularni mehnat orqali yanada yaqinlashtirdi. Yaxshi koʻrilgan narsaga mehnat tufayli yetishmoq afzalligini amalda isbot etdi. U kishi ota maqomidan oʻsib, farzandi va uning oʻrtogʻi uchun doʻst martabasiga chiqdi. Oʻsmir yoshidagi qizmi-oʻgʻilmi, avval aytganimizday, aynan shunday doʻstga muhtoj boʻladi. Biz ba’zan farzandimizdan ranjisak: «Men sening oʻrtogʻingmanmi!»- deb jerkib beramiz. Ozgina fikr qilib koʻraylik: ehtimol farzandimizga chin doʻst boʻlganimiz ma’qulroqdir? (Avvalgi bobda ham bu xususda qisqa tarzda boʻlsa-da, soʻz yuritib edik, yodingizdadir?)

Bir qadrdonimiz koʻpchilikni oʻylatishi mumkin boʻlgan voqeani soʻzlab berdi: qadrdonimiz katta oʻgʻlinikiga borganida qirq yoshli oʻgʻli bilan oʻn toʻqqiz yoshli nabirasining oʻzaro bahslariga guvoh boʻlibdi. Nabirasining fikrlari unga ma’qul kelsa-da, bahsga aralashib, oʻgʻliga tanbeh berishni lozim topmabdi. Bahs nihoyasiga yetib, nabira chiqib ketgach, oʻgʻliga qarab: «avvalo, sen nohaqsan, bolangning fikrlari toʻgʻri, hamonki bahslashishga oʻrin berdingmi, magʻlubiyatingni ham tan olishga majbursan.

Bolang bilan bahslashmasang yanada yaxshi»,- debdi. Oʻgʻil bu tanbehga javoban kulimsirab: «Ada, xuddi shu masalada siz bilan men ikki xil yoʻldamiz. Men nevarangizga faqat ota emasman, u bilan doʻstman. Biz koʻp bahslashamiz. Men unga toʻla fikr erkinligini berganman. Bolaligimizni eslab koʻring: siz bizdan faqat talab qilardingiz, muomalangizda koʻpincha doʻq-poʻpisa ohangi boʻlardi. Sizdan qoʻrqishimizni istardingiz. «Dars tayyorladingmi?» «Aytib ketgan ishimni bajarib qoʻydingmi?» Siz bilan gaplashadigan gapimiz faqat shu edi. «Oʻgʻlim, hayot soʻqmoqlari juda notekis boʻladi, ehtiyot boʻlib yur, qoqilib ketma», deganingizni eslaysizmi? Eslolmaysiz. Men oʻgʻlimni hayot haqiqatlarini bilib oʻsishini istaganim uchun shunaqa bahslarga chorlab turaman. Siz toʻgʻri aytdingiz - nevarangiz haq edi. Men atayin notoʻgʻri fikrimda qattiq turdim. Axir hayotda oqni qora deb qaysarlik qilib turadiganlar oz emas-ku?»- debdi. Qadrdonimiz oʻylab qarasa - oʻgʻli haq ekan. Achchiq haqiqat oldida lol qolibdi.

Biz ham oʻylab koʻraylik-chi, farzandlarimiz iqboli yoʻlida ehtimol ozroq boʻlsa-da chekinishimizga toʻgʻri kelar? Endi yana mavzuga qaytsak:

Ali bolalikdan moʻmin boʻlib oʻsdi. Xarxashalari kam edi. Bogʻchaga borishda ham dod solmasdi. Rasmli kitoblarni varaqlab oʻtirishni yaxshi koʻrardi. Maktabga borgach, tengqurlariga qaraganda yaxshi oʻqidi. Ota-ona muallimlardan faqat rahmat eshitishardi. Sal ulgʻaygach, texnikaga qiziqdi. Radio-televizor tuzatishni oʻrganib oldi. Otasi yordamida avtomobil sirlarini ham oʻrgana boshladi. Uning xotirasi oʻtkir edi, dars tayyorlashga qiynalmasdi. Texnikaga oid chizmalarni ham tez oʻrganardi. Ammo u koʻchaga kam chiqardi. Tengdoshlari bilan kam oʻynardi. Bolalar ham Alini saflariga chorlashmasdi. Ota-ona bundan avvaliga quvonishdi, «koʻchadagi yomonlarga qoʻshilmagani durust», deb hisoblashdi. Ammo keyinroq oʻylab qarab, xavotirga tushishdi. Oʻgʻillari oʻsmir yoshiga yetibdi-yu, bitta doʻst orttirmabdi.

Biron bola ularning eshigini taqillatib: «Ali, yur, oʻynaysanmi?» deb kelmabdi. Sayrgami, kinogami, futbolgami... taklif qilib, chaqirishmabdi. Oqibat bolaning yolgʻizlanib qolishidan choʻchigan ota-ona maktabga borishib, muallimlar bilan maslahatlashishdi. Turli yoʻllarni mulohaza qilishdi. Nihoyat, maktabda radiohavaskorlar toʻgaragini ochib, unga Alini rahbar etib tayinlaydigan boʻlishdi. Bu taklif Aliga ham, boshqa bolalarga ham ma’qul keldi. Ali avval oʻrtoqlari bilan yaqin emasligidan qaygʻurmasdi. Ta’bir joiz boʻlsa, uning oʻz osmoni mavjud edi va bu osmonida yolgʻiz suzib yurish unga rohat baxsh etardi. Radiotoʻgarak bahonasida u oʻzi yaratgan osmonidan «pastga tushdi», tengqurlari bilan yaqinlashdi. Oʻzini qayta kashf etdi. Avvalgi yolgʻizlik asosiga qurilgan hayoti endi zerikarli tuyula boshladi. Oʻsmirda jonlanish sezildi.

Valining hayoti avvaliga Aliga oʻxshardi. U ham yaxshi oʻqirdi, vaqtini koʻproq uyda oʻtkazardi. Otasi ishdan boʻsh vaqtida rasm chizishni yaxshi koʻrardi. U choyxonada yoki boshqa maishatlarda vaqt oʻtkazadiganlar toifasidan emasdi. Valining koʻproq uyda boʻlishidan quvonib, «oʻgʻlim oʻzimga oʻxshadi», derdi. U oʻgʻlining uyda boʻlishidan quvonardi-yu, biroq, farzandining qiziqishlariga befarq qarardi. Oʻgʻlining oʻrtoqlari yoʻqligini bu ota fahmlamadi. Maktabga bormadi. Maktab muallimlari odatda bevosh bolalarning ota-onalarini yoʻqlab turishadi. Yaxshi oʻqiydigan, toʻpalon qilmaydiganlarning ota-onalarini chaqirishmaydi. Ular ham oʻzlaricha «bolamning maktabdagi ahvoli qanday ekan?» deb qiziqib kelishmaydi. Vali uyda ota-onasi bilan birga boʻlsa-da, oʻzini yolgʻiz sezadi. Maktabda ham, koʻchada ham bolalar bilan til topisha olmaydi. Oqibat u siqila boshlaydi. Bolalarning e’tiborini oʻziga tortishni istaydi. Afsuski, boshqalarning e’tiborini tortishga arzigulik alohida qobiliyat unda yoʻq edi.

Unga yoʻl koʻrsatuvchi ham boʻlmadi. U oʻzi yoʻl topishga urindi. Oʻrtoqlari qatnaydigan toʻgaraklarga uncha qiziqmasa ham boraverdi. Asta-sekin undagi befarqlik qiziqishga aylana bordi. Shunday boʻldi-ki, toʻgaraklardagi mashgʻulotlar uning uchun asosiy boʻlib qoldi. Hatto oʻqishda pastlashish sezildi. Uyda kam oʻtiradigan boʻldi. Ana shunda uning ota-onasi maktabga chorlandi. Validagi oʻzgarishdan ota-ona ham, muallimlar ham hayron. Vali uyda qaysar, gap qaytaradi. Maktabda esa odobli. Oʻqituvchining gaplarini diqqat bilan tinglagani holda, uyda dars tayyorlamay qoʻygan. Bu qanday hol?

Valining ota-onasi Xudoga shukur qilsa ham boʻladi. Farzandlari uyda oʻziga nisbatan e’tibor topa olmagach, koʻchada «zoʻr»lar toʻdasini tanlashi ham mumkin edi. Endi uning maktabda boshqa, uyda boshqa odobga rioya qilishiga kelsak, har qanday bola kabi Vali uchun ham koʻpchilik orasida, ayniqsa qizlar huzurida kattalardan tanbeh eshitish ogʻir. Kattalarning gapi jamoa fikriga aylanib qolish xavfi mavjud. Shu sababli bolalar, ayniqsa oʻsmir yoshida jamoadagi kattalar bilan ziddiyatga bormaslikka harakat qiladilar. Uyda zimmalarida bunday mas’uliyat yoʻqligi uchun oʻzlarini erkin tutadilar.

Dilobarning hayoti Alinikiga ham, Valinikiga ham oʻxshamaydi. Qizcha bogʻcha yoshidanoq atrofidagilar bilan tezgina til topishish fazilatiga ega boʻlgan. Maktabda esa sinfdagilarning jonu dili edi. Qizlar ham, oʻgʻil bolalar ham unga intilishgan. Dilobar «sen qora, sen puchuq», deb bolalarni xillarga ajratmagan, barcha bilan teng doʻstlashgan.

Sinfdoshlari oʻzlariga xos boʻlgan sirlarini unga aytib, maslahatlar soʻrashgan. Dilobarning uyi hamisha oʻrtoqlari bilan gavjum boʻlgan. Chunki uning onasi bolalarga mehrini ayamagan. Shunga qaramay, oʻsmirlik olamiga oʻtayotgan qizning muomalasida, doʻstlarga nisbatan munosabatida oʻzgarish sezilgan. Endi atrofidagi bolalarni u faqat sinfdosh sifatida qabul qilmaydi, qiz uchun ularning fazilatu illatlari muhim boʻlib qoladi. Dilobar dugonalarini zimdan kuzatadi. Ularning avval sezilmagan illatlarini endi biladi. «Gulchehra yaxshi qiz, lekin jahli burnining uchida turadi, arzimagan narsaga darrov ranjiydi. Arazchi bilan hech kimning doʻstlashgisi kelmaydi. Mohira yaxshi qiz. Lekin... men undan hech qanday sirimni yashirmayman. U negadir men bilan ochiq gaplashgisi kelmaydi...» Qizning sezgir nigohi adolatsizlikni, gʻururning poymol boʻlishini chetlab oʻtolmaydi. «Murod oʻzidan zoʻrroq bolalarning malayiga aylanib qolibdi. Nahotki oʻgʻil bola boʻla turib shunaqa past ketsa?!» Dilobarning oʻgʻil bolalar bilan boʻlgan munosabati bir oz ogʻirlashdi. Yoʻq, u oʻzini chetga tortmadi. Faqat uning muomalasida boʻyi yetgan qizga xos ibo va gʻurur mavjud edi. Sinfdosh oʻgʻil bolalar qizlardagi bunday oʻzgarishni darrov fahmlamaydilar. Chunki ular bu olamga qizlardan sal kechroq kirib keladilar. Mana shu tafovut ular orasidagi oʻzaro munosabatga salbiy ta’sirini oʻtkazadi.

Dilobar atrofidagilarga oʻzgacha talab bilan qaray boshladi. Ayniqsa tengqurlarining fe’l-atvorlarini, aql-farosat darajalarini nazardan qochirmaydigan boʻldi. Tengqurlarining yaxshi-yomon odatlarini oʻzicha tahlil qildi. Atrofidagilar orasidan fikrdosh, sirdosh izlay boshladi.

Dilobarning bu oʻzgarishi oilada ham sezildi va u oʻzini kattalar safida koʻrdi. Onasi qizining kattalar sari intilishini fahmlab, unga peshvoz chiqdi, «sen hali yoshsan», demadi, farzandining ishonchini qozondi, uning sirdoshiga aylandi. Dilobarning mustaqil fikrlashga intilishi, biron masalani mustaqil hal etishga urinishiga monelik qilmadi.

Toshtemir birinchi sinfdanoq yaxshi oʻqidi. Odobli boʻldi. Kattalar chizgan chiziqdan chiqmadi. Har bir majlisda maqtaladi, boshqalarga oʻrnak qilib koʻrsatiladi. Bolalar bilan birga boʻlgan Toshtemirning chin oʻrtogʻi yoʻq edi. Hadeb boshqalarga oʻrnak sifatida koʻrsatilishi bolalar bilan uning oʻrtasiga gʻov boʻlib tushgandi. Bu gʻovni bilibmi bilmaymi kattalar tiklashgan edi. Boshlangʻich sinflarda Toshtemir bunga unchalik e’tibor bermasdi. Bolalik olamidan xayrlashgan kezlari bu gʻovning azoblarini his qila boshladi. U tengqurlari orasida yolgʻiz yashay olmasligini angladi. Ana shunda «Nega men boshqachaman, nega boshqalar kabi emasman, nega men boshqalarga oʻrnak boʻlishim shart, nega men boshqalardan oʻrnak olmasligim kerak?» degan muammoga oʻzicha javob izladi. Topdi ham: «Boshqalar qanday boʻlishsa men ham shundayman!» U endi shunday yashashga intildi: darsda gaplashib oʻtiradi, ba’zi darslarga umuman kirmaydi. A’lochi bolaning davomati sezilarli ravishda pasaydi. Hatto soʻkishni odat qildi. Sinfdosh qizlarning tanbehiga esa «Nima, mening boshqalardan kam yerim bormi?»- deb javob qaytardi. U oyoq-qoʻllarini bogʻlab turgan «boshqalarga oʻrnak boʻlish» zanjiridan shu tahlitda qutilib, oʻzini erkin sezdi. Yanada toʻgʻriroq ifoda etsak, bevoshlik shamolida boshi aylandi. Dastlabki kunlarda intizomning buzishlaridan, kattalarning noroziliklaridan oʻzi ham lazzatlandi. Buni u ulgʻayish, kattalar safidan oʻrin olish deb bildi: «Nima, men yosh bolamanmi, kim nima desa «xoʻp», deyaveramanmi?». Ammo bevoshlik shamoli uning boshini koʻp aylantirmadi. Vaqt oʻtib, endi u oʻzining hatti-harakatiga razm solish barobarinda oʻrtoqlariga nima yoqishi-yu, nima yoqmasligini, kattalar olami bilan tengdoshlari olami orasidagi farqni fahm eta bordi. Garchi kattalar olami oʻziga maxliyo etsa-da, unda hukm suruvchi qoida: «Sen kichkina - men katta», bezdirib, oʻrtoqlari davrasiga oshiqardi. Bu olamdagi «Teng - tengi bilan» qoidasi uni koʻproq qoniqtirardi. Har bir oʻsmir oʻzi uchun suv bilan havodek zarur boʻlgan tenglik, bir-birlariga sadoqat, birdamlik, hamjihatlik ruhini kattalar orasidan emas, oʻz olamidan topadi. Toʻgʻri, biz - kattalar ham bu fazilatlarni qadrlaymiz. Faqat bunday lutfimizni oʻzimizning doʻstlarga yoki kattalarimizga koʻrsatamiz. Kichiklardan - farzandlarimizdan esa darigʻ tutamiz.

Yana Toshtemirga qaytsak, u oʻzida yoʻq, sinfdoshlarida mavjud chaqqonlikni, kuchni, sabotni ham qadrlaydigan boʻldi. Bu oʻsmir uchun oʻziga hos kashfiyot edi va u mazkur kashfiyotidan rohatlandi.

Toshtemirning a’lochi va oʻrnak boʻluvchi boladan hamma qatori turli qusurlarga ega oʻsmirga aylanishi ota-onani befarq qoldirmaydi. Uni yana avvalgi maqomga qaytarishga urinishlar boʻladi. Bunday urinishlar koʻp hollarda besamar yakunlanadi. Chunki farzandini yana ibratli bola maqomida koʻrishni istagan ota-ona (yoki muallim) bolalik olami bilan oʻsmirlik olamidagi talab-qoidalar oʻzga-oʻzga ekanini hisobga olishmaydi. Bolaning maqomi intizomi, hulqi, yaxshi oʻqishi muallim tomonidan baholash bilan belgilanadi. Muallim: «Bolalar, sinfdoshingiz Toshtemirdan oʻrnak oling», dedimi, demak u yaxshi ekan. Bolalar muallimning bahosini haqiqat oʻrnida qabul qiladilar. Oʻsmirlik olamida esa muallimning bahosi avavalgi qudratini yoʻqotadi. Toshtemirdan oʻrnak olish mumkinmi yo yoʻqmi, buni bolalarning oʻzlari hal qiladilar. Tengdoshlari orasida obroʻni saqlash uchun faqat a’lochi va intizomli boʻlishning oʻzi kifoya qilmaydi. Oʻqituvchiga chaqimchilik qiladigan, oʻrtoqlari darsdan qochganda, ularga qoʻshilmay sinfda qoladigan boladan tengqurlar nafratlanishadi. Agar muallim yoki maktab direktori darsdan qochganlarni urishib, qochmaganni maqtab, boshqalarga oʻrnak qilib koʻrsatsa ularning nafratlari yanada oshadi. Chunki ular buni ibrat oʻrnida qabul qilishmaydi, balki doʻstga xoinlik deb hisoblashadi. Boshlangʻich sinflarda a’lochiligi uchun sinfning erkasiga aylangan bola endi oʻrtoqlarining uy vazifalarini beminnat bajarib beradigan dastyorga aylanishi ham mumkin. Agar dastyorlik qilmasa, maqtanchoq, doʻstga bevafo sanalib, tengqurlari davrasiga qoʻshila olmaydi. Uning gapi mutlaqo e’tiborga olinmaydi.

Oʻsmirlik olami oʻz hukmini oʻtkaza boshlagach, sinfda oʻziga xos guruhlar paydo boʻladi. Bir necha bola «zoʻr»likka da’vo qila boshlaydi. Bu «zoʻr»lar turli avlodda turli nomlar bilan ataladi. Hozir sinfdagi bolalarning mavqei «birinchi paxan, ikkinchi paxan» degan nomlar bilan belgilanarkan. «Birinchi paxan» boʻlish uchun yaxshi oʻqish, intizomli boʻlish mutlaq shart emas. Eng muhimi - kuchli va kattalarga boʻysunmaslikda ibrat boʻlish kerak. Mazkur mavqe belgilanishida otaning boyligi ham inobatga olinadi. Agar otasi boy boʻlsa-yu, oʻzi kuchda, irodada, mardlikda oqsasa u «birinchi paxan»likka da’vo qilolmaydi. Oʻzining atrofida kichikroq guruh tashkil qilib, «birinchi» bilan murosada yashaydi. Agar birinchi kambagʻalroq oilaning farzandi boʻlsa, moddiy ragʻbat hisobiga unga xizmat qiladi. Har bir sinfning oʻz «paxan»i boʻlgani kabi maktab boʻyicha ham «paxan»lar mavjud. Birinchi, ikkinchi, uchinchi...lar mutlaq hokim boʻlish uchun turli yoʻllar bilan kurash olib boradilar. Ba’zan bu kurashga maktab uchun begona boʻlgan koʻcha bolalari ham jalb qilinadilar. «Birinchi paxan»ning mavqeini koʻcha tomondan boʻlajak quvvatlash ham belgilab turadi.

Oʻsmir yoshiga yetgan bolalar kattalar orasidagi oʻzlariga yoqqan odamlarday boʻlishga intilishlarini bilamiz. Qizlar goʻzal artistlarga taqlid qilishadi, ularday kiyinishni, oʻzlariga oro berishni istashadi. Oʻgʻil bolalar kuchli shaxslarga ixlos qoʻyadilar. Ularning taqlidlari bu bilan kifoyalanmaydi. Ular oʻzlarining tengdoshlari orasidagi ayrim bolalarga ham ixlos bilan qaraydilar. Ularning odat va odoblarini oʻzlariga singdirishga urinadilar. Ayniqsa «paxan»lar atrofida birlashadigan bolalarda bu kuchli seziladi. «Paxan» ularga «harif» deb murojaat etsa, demak, ularning tilidan ham bu soʻz tushmaydi. Bu bilan «paxan»ga yaqinliklarini namoyish etmoqchi boʻlishadi.

Avvallari bunday «paxan»larga qarshi «kollektivizm» - ya’ni, jamoa ta’siri mavjud edi. Pioner va komsomol tashkiloti, Kommunistik mafkura bilan «qurollangan» pioner va komsomol tashkiloti bularga qarshi turardi. Ular oʻzlarini erkin his qila olmas edilar. Hozir ularga qarshi faqat sinf rahbarigina bor. Hali shakllanishga ulgurmagan bolalar tashkilotining mavqei esa sezilarli darajada emas.

Hikoya qilayotganimiz Toshtemirga qaytsak, sinfdoshi Zafarning mardligi, rostgoʻyligi, eng muhimi maqtanchoq emasligi uni oʻziga tortdi. Zafar oʻqishga befarq edi. Toshtemir buni bilardi. «Zafar agar istasa yaxshi oʻqishi mumkin», deb hisoblardi. Bu fikrini ota-onasiga tushuntira olgani uchun ham Zafar bilan doʻstlashishiga monelik boʻlmadi.

Oʻziga doʻst tanlash, kimgadir yaqinlashish, kimdandir uzoqlashishni oʻsmir uchun «qil koʻprik» deb atasak ham boʻlar. Bu qil koʻprikda sal toydimi, tamom «jinoyat olami» deb ataluvchi jarga qulashi hech gap emas.

Keling, yaxshilik bilan tugagan hikoyalarimizni boshqacharoq tasavvur etaylik:

Alining ota-onasi uning yolgʻiz ekani, doʻsti yoʻq ekanini sezishmadi. Maktabga ham borishmadi. Radiotoʻgarak ham ochilmadi. Alining texnika sohasida iqtidori borligini sezgan koʻcha «zoʻr»laridan biri avval undan televizorini tuzatib berishni iltimos qiladi. Keyin yana shunga oʻxshash iltimoslar bilan murojaat etib, uni oʻziga yaqin ola boshlaydi.

Ali oʻzicha yaxshi doʻst topganday quvonadi. «Zoʻr» uchun Ali doʻst sifatida emas, jinoyatga oid ishlarini amalga oshirishda mutaxassis sifatida kerak edi. Katta oʻgʻirlikni moʻljallagan odam ilgari zamonlardagiday tom oshib, devor teshib yurmaydi. Kinolarni koʻraverib, koʻzlari pishib ketgan. Endi unga elektronikani puxta biladigan zoʻr mutaxassislar lozim. Ali asta-asta uning toʻriga oʻrala boradi-yu, keyin chiqib keta olmaydi. Chiqay desa, kaltaklanishdan choʻchiydi, oʻldirib ketishlaridan qoʻrqadi. U ilojsiz, suyanadigan doʻstlari yoʻq, ota-onasining himoya qila olishiga esa ishonmaydi. Tasavvurimizdagi holatda uning qilkoʻprikdan oʻtayotganini tarbiyachi sezmay qoldi. Ali jarga quladi.

Valining taqdiri ham shunday boʻldi. U koʻcha «zoʻr»lariga aralashib yuruvchi oʻrtogʻi bilan karatega bordi. Mushtlashish san’atini oʻrgandi. Oʻzini himoya qilish uchun emas, hujum qilish uchun, oʻzgalarga zulm qilish uchun oʻrgandi. Tarbiyachi «oʻgʻlim chiniqyapti», deb hotirjam yurdi. Chiniqish boshqa tomondan boʻldi va yakuni... oʻzingiz tasavvur eta olarsiz.

Dilobar dugonalarining hulq-atvorini tahlil qilganida Xonzodaga mahliyo boʻldi. Doim chiroyli kiyinib yuradi, yuqori sinfdagi oʻgʻil bolalar ham uning atrofida parvona. U esa bu bolalarni mensimaydi. Xonzoda esa Dilobarning oʻziga mahliyo ekanini sezib, yaqinlashadi. Dilobar - chiroyli qiz. Otasining topish-tutishi ham yaxshi. Xonzoda dugonasini koʻcha tomon boshlaydi Avval diskoteka... undagi xursandchiliklar. Kelishgan, puldor yigitlarning xushomadlari... Eng muhimi - unga yosh qizcha, deb emas yetilgan qiz ekanini tan olib muomala qilishlari... Bu qiz ham qil koʻprikdan oʻta olmadi...

Toshtemirning ham qismati shunday boʻlishi mumkin edi. Agar Zafar koʻcha tomon ogʻsa, Toshtemir ham ikkilanmay unga ergashardi. Avvalgi «a’lochi, odobli» degan martabalari uni bu yoʻldan qaytara olmasdi. Demoqchimizki, oʻsmirlikkacha boʻlgan odob-axloq keyingi toʻgʻri hayotni kafolatlay olmaydi. Oʻsmir uchun hammasi yangidan boshlanishi kerak.

Doʻstlik haqida har birimiz oʻnlab maqol yoki hikmatlarni bilamiz va bularning barchasi kattalar uchun mavjud, deb bilamiz. «Zoʻr gap ekan!» deb tan beramiz, lekin hayotga tadbiq etishni oʻylamaymiz. Bu hikmat va maqollar farzandlarimiz hayoti, taqdiriga ham oid degan tushunchadan uzoqroqmiz. Bizning bu da’voimiz siz, muhtaram tarbiyachiga (ota-ona, muallimga) ehtimol malol kelayotgandir. U holda oʻylab koʻring, farzandu arjumandingiz bilan doʻstlik mavzuida qachon suhbatlashgan edingiz? Suhbatingiz chogʻida qaysi maqol yoki hikmatni misol sifatida aytib, sharhlab, tushuntirib berdingiz?

Qadim faylasuflaridan Sitseron shunday degan ekan: «Biz bilan birgalashib hech kim quvonmasa, baxtimiz ham jozibasini yoʻqotadi.Biz uchun bizdan ortiqroq qaygʻuruvchi doʻstimiz boʻlmaganida, kulfatlarga chidashimiz ham qanchalar ogʻir boʻlardi!» Balki bu hikmatning bolalarga aloqasi yoʻq, ularda kulfat nima qiladi, dersiz? U holda olamga bola koʻzi bilan qaraylik-chi? Bizga oddiy quvonch boʻlib koʻringan narsa ularga eng oliy baxt boʻlib tuyulmaydimi? Biz biron narsadan shunchaki ranjib, bir-ikki kundan soʻng bu noxushlikni unutib yuborarmiz. Bola uchun esa oʻsha narsa shunchaki xafagarchilik emas, ulugʻ bir kulfat boʻlib tuyuladi. Olam koʻziga qorongʻu boʻlib koʻrinadi. (Buning oqibati nima bilan tugaganini avvalroq bayon qilib edik.) Shunday ekan, bolaning oʻrtogʻi tufayli baxtli boʻlishi yoki kulfatga duch kelishini arzimas narsa sifatida qabul qilsak, xatoga yoʻl qoʻygan boʻlamiz.

Azizlar, bizdan ranjimang va toʻgʻri tushuning: niyat siz tomonga hadeb ta’na toshlarini otaverish emas. Maqsad: farzandlar taqdiri xususida siz bilan birga baqamti boʻlib fikr yuritmoqlik xalos. Siz deysizki, «bolam hamma narsadan azizroq, men uni hamma narsadan ham yaxshi koʻraman». Durust, biz bu fazilatingizni inkor etmaymiz. Ammo xalqda derlarkim: «Bola - aziz, odobi undan aziz.» Yana haqiqat shuki, har bir ota-ona bolasini sevadi. Bola ham oʻz ota-onasini sevadi. Lekin bu «olam - guliston» degan gap emas. Qoʻpolroq oʻxshatish uchun aybsitmang: barcha jonivorlar ham bolalarini sevadilar, ularni jonlaridan kechsalar-da, himoya qiladilar. Ularning bolalariga chang soladigan xavf nogahoniy, ongsiz boʻladi.

Oʻzlaridan kuchliroq hayvon yoki tabiiy ofat oldida ular ojizlar. Qoʻzichoq ongsiz boʻlsa-da, yoʻldan adashib, boʻri bilan doʻstlashmaydi. Quyon bilan sherning doʻstligini birov koʻrmagan. Doʻstlashgan taqdirda ham bu oʻrtoqchilikning mukofoti oʻlim ekani sir emas. Siz bilan bizning farzandimizga boʻlgan muhabbatimiz qondoshlik bilangina emas, balki qalb va ong orqali ham bogʻlanmoqligi shart. Biz farzandimizni qoʻzichoq kabi himoyasiz bilib, boʻrilar toʻdasining hamlasidan asrashga urinamiz. Turli choralarni koʻramiz, ammo barcha sa’y-harakatimiz zoe ketaveradi. Jonivor qoʻzichoqdan farqli oʻlaroq, ongli, odam-qoʻzichogʻimiz roʻparasidagi boʻri ekanini koʻrib, bila turib unga muhabbat qoʻyadi. Boʻriga duch kelgan jonivor-qoʻzichoqning taqdiri bir - oʻlim boʻlsa, odam-qoʻzichoqning ikki yoʻli bor: biri - qamoq jazosi, ikkinchisi - oʻlim. Birinchi yoʻl ham oxir-oqibat koʻp hollarda ikkinchi yoʻlga tutashadi.

Qadim-qadimdan donishmandlar farzandlardagi chin doʻstlik ruhini tarbiya etishga jiddiy e’tibor berganlar.

Iskandar Zulqarnaynning tarixchilari yurtimizga doir bir rivoyatni bayon etib ketgan ekanlar. Unda zikr qilinishicha, ikki yigit bir-birlariga sodiq doʻst boʻlish xususinda qasamyod qilishgan ekan. Ittifoqo, yurtni yov bosibdi-yu, kuchlar teng kelmay, aholi daryo kechib, chekinibdi. Doʻstlarning biri odamlar bilan suv kechibdi, ikkinchisi ulgurolmay, yov changaliga tushibdi. Dushman unga azob beribdi. Yigit qiynoqlarga chidolmay faryod uribdi. Uning zorli nolalari daryoning u betiga ham yetib, doʻstining ruhi azoblanibdi. Doʻst yov changalidagi birodarini tashlab ketolmay orqaga qaytishga ahd qilibdi. «Borma, nobud boʻlasan», deguvchilarning soʻzlarini e’tiborga olmabdi.

Daryoni suzib oʻtibdi-da, yov lashkarboshisiga roʻpara kelib «Doʻstimni qoʻyib yubor, oʻrniga meni ol»,- deb talab qilibdi. «Doʻstingni bekorga ozod qila olmayman, sen uni mendan sotib ol»,- debdi lashkarboshi. «Mening boyligim yoʻq»,- debdi doʻst afsus bilan. «Boyliging nega yoʻq boʻlar ekan, ikki koʻzing-chi? Bu boylik emasmi? Yo bu boyligingni doʻsting uchun berging yoʻqmi?»- debdi lashkarboshi. Shunda doʻst bu taklifni mulohaza ham qilib oʻtirmay: «Doʻstim uchun ikki koʻzimgina emas, jonim ham sadaqa boʻlsin!»-debdi. Uning koʻzlarini oʻyib olibdilar. Lashkarboshi uning sadoqatiga qoyil qolib, ikkovini ham qoʻyib yuboribdi. Shu-shu ikki doʻst ajralmas ekanlar. Koʻzlari oʻyib olingan birodarini yetaklagan doʻstni juda koʻp yerlarda koʻrishibdi. Bu ikki doʻst yurtlar aro yurib sadoqat haqida qoʻshiq kuylasharkan...

Bunday rivoyatlar koʻp, juda koʻp. Ammo, afsuslar boʻlsinkim, tarbiyada biz ulardan kam, juda kam foydalanamiz. Oqibatda farzandlar chin doʻstlikning farqiga bormay ulgʻayishadi.

Militsiyaga «oʻgʻlim (yoki qizim) uydan qochib ketdi», degan mavzuda arizalar tushib turadi. Uydan chiqib ketuvchilar ba’zan qisqa xat yozib qoldiradilar. Ularni izlab topish umidi boʻladi. Ba’zilar esa indamay ketishadi. Ular arazlab chiqib ketishdimi yo biror falokatga uchrashdimi - uydagilar ham, militsiyadagilar ham garang. Koʻp hollarda arazchilar topiladi, uyga qaytariladi. Ayrim hollarda esa...

Arazchilarning biri tashlandiq yerlarda yotib yurardi. U militsiyaxonaga olib kelinganda dastlab gapirgisi kelmadi. Keyin arazining boisini aytib berdi. Ma’lum boʻlishicha, onasi uning doʻstlarini uyga yaqinlashtirmas ekan.

Bola «men ularning uylariga bemalol kirib-chiqaman, birga dars tayyorlaymiz, musiqa eshitamiz, ular yaxshi bolalar»,- desa onasi «Men ularni yomon deyayotganim yoʻq, sening opalaring bor, sovchi kelib turibdi. Oʻgʻil bolalar oʻralashib yursa, koʻngliga boshqacha gap keladi»,- der ekan. Bola hayron: opalarining yoshlari yigirmadan oshgan boʻlsa. Uning oʻn uch yoshdagi oʻrtoqlarini koʻrib kim boshqacha oʻylashi mumkin? Oʻsmir oʻrtoqlari oldida uyalgani uchun ham uydan ketishga ahd qilgan. Bunaqa paytda bolada aniq bir reja boʻlmaydi. Uydan, uni tushunmaydiganlar davrasidan nari ketsa bas - oʻsmirning yagona maqsadi shu. Uydan chiqib ketdimi, tamom. oʻgʻri-bezorilarga qoʻshilib ketdi, deb oʻylash nooʻrin. Toʻgʻri, ayrimlari ihtiyorsiz ravishda koʻcha bolalariga qoʻshiladilar. Ba’zilarini osh-ovqat, boshpanaga muhtojlik bu toʻdaga qoʻshadi. Yana birlari oʻzlarini bezorilar toʻdasidan ehtiyot qiladilar. Arazchi qochoqlarning ma’lum qismi koʻchaning zaxmatlariga chidamay iziga qaytadi. Agar tahlilga murojaat qilsak, qaytuvchilarning oz ekanini koʻramiz. Demak, ularning koʻp qismi uydagi yaxshi moddiy sharoitdan koʻchadagi zorlikni afzal koʻrisharkan? Nega shunday? Biz bu savolga: «Bola uchun uydagi moddiy sharoitdan koʻra ruhiy-ma’naviy muhit muhimroq»,- deb javob beramiz.

Siz qanday fikrdasiz?

Javobni oʻylaguningizcha, e’tiboringizga yana bir voqeani havola etaylik.

Ma’lumingizkim, bolalar turli hayvonlarga mehr qoʻyadilar. Biri itni, yana biri mushukni, boshqasi toshbaqanimi, quyonnimi yaxshi koʻradi. Ba’zilari uyda akvarium boʻlishini istaydi. Ayni shu istak atrofida kattalar bilan ziddiyat kelib chiqadi. Otalar bolalarning xohishlariga kamroq qarshilik bildiradilar. Asosiy norozilik ona tomonidan boʻladi. Oqibatda bola oʻzi sevgan jonivorlar mavjud joy tomonga intilaveradi. Oqilbekning hayoti ham shunday boʻldi. U kaptarlarni sevardi. Bu goʻzal mavjudodning samoda suzishini kuzatish uning jonu dili edi. Avvaliga «hech boʻlmasa ikkitagina kaptar olib beringlar»,- deb ota-onasiga yalindi. Lekin ota-onasi «kaptarga oʻralashib oʻqishi pastlashib ketadi», degan fikrda uning iltimoslarini e’tiborsiz qoldirishdi.

Avvallari «kaptarvoz» degan atama nima uchundir salbiy ma’noni anglatardi. Kattalarning nazarida kaptarvoz bolalarning xulqi buzuq boʻlardi. Qiziqda, qoʻy yoki mol boqsa yaxshi, kaptar boqsa yomon bola boʻlsa? Kaminaga bolalikdan muammo boʻlmish bu savolga hanuz javob topa olmayman. Ehtimol oʻsha salbiy ma’no yillar osha oʻtib kelib hozir ham saqlanayotgandir? Agar Oqilbek kaptar emas, xoʻroz yoki mushuk boqishni ixtiyor etsa ruxsat tegarmidi? Tegmasdi. Yana oʻsha oʻqish bahona boʻlardi. Bu oʻrinda bolani tabiatga muhabbat ruhida tarbiyalash masalasiga koʻp toʻxtalmaymiz. Qisqa qilib aytamizki, tabiatni butun vujudi bilan seva oluvchi bolaning koʻnglida shumlik uygʻonmaydi, kelgusida jinoyat olamiga kirib ketmaydi. Oqilbekning ota-onasi shu nuqtada ikki xatoga yoʻl qoʻydilar: birinchidan - farzandlarini tabiatga boʻlgan muhabbatini tarbiya etish oʻrniga bu koʻngil qanotlarini qayirdilar. Ikkinchidan - unga bevosh koʻcha eshigini oʻzlari ochib berdilar. Anglashimiz joizki, oʻsmir bir narsaga astoydil mehr qoʻydimi - uni endi toʻxtatish qiyin. Uni sovutish uchun kuch ishlatish, majburlash mutlaqo oʻrinsizdir. Bunaqa paytda oqilona va odilona tadbir topish kerak. Avvalo oʻylaylik: farzandimiz mehr qoʻygan narsa zararlimi? Zararli boʻlsa shoshilinch choralar koʻrmogʻimiz shart. Agar zarar sezilmasa, arqonni uzunroq tashlab, oʻringa oʻrin biron nima topishga urinishimiz kerak. Oqilbekning mehri tushgan mashgʻulot aslida zararli emas. Bunda faqat ota-onaning ortiqcha injiqligi va talabi mavjud. Qarang, shu yerda ham ota-onaning, ham bolaning injiqligi, qaysarligi toʻqnashyapti. Toʻqnashuvda ikkala tomon ham gʻalabadan umidvor. Ikkala tomon ham chekinishni istamayapti. Bolaning chekinmasligi aniq. Chekina turib aylanma yoʻlga oʻtib ketishi ham aniq. Shunday ekan, tadbirli ota-ona ozgina chekinsa, olam - guliston. Agar ota-ona oʻgʻliga ikkitagina kaptar sotib olib bersa, Oqilbek oradan vaqt oʻtib bu mashgʻulotidan bezib, tashlab ketishi ham mumkin. Adolatli ota-ona «kaptar boqsa oʻqishi pastlab ketadi», demay, sinab koʻrishi kerak. Agar koʻproq vaqti kaptar bilan oʻtsa, buning zararini tushuntirish shart. Tushunmasa, chora sifatida kaptar boqishni man etishga toʻgʻri keladi.

Oqilbek ota-onadan rad javobini olgach, uydagi sanoqsiz talab va ta’qiqlardan bezdi. Xohishidan voz kechmadi. Shu mahallada Toʻrabek ismli kaptarvoz yigitcha bilan yaqinlashdi. Kaptarxonasini tozaladi, u-bu ishlariga yordam berdi. Uyda onasi «changni artib qoʻy», desa malol kelardi. Bunda kaptarxonani tozalash unga rohat baxsh etardi. Toʻrabekning oʻziga erkin ekanligi esa Oqilbekning xayolini butunlay oʻgʻirlagan edi. Oʻsmirlar «oʻziga xon, oʻziga bek» tengdoshlarini juda hurmat qiladilar. Oqilbek shularning biri edi. To ota-onasi uydan qaytgunicha u Toʻrabek bilan birga boʻlardi. Toʻrabekning oilasi nobop edi. Undan tashqari Toʻrabek kaptarlarni sevgani uchun emas, olib-sotish uchun boqardi. Ustiga-ustak u koʻcha zoʻrlariga yaqin edi. Oqilbek ham asta-sekin bu muhitga moslasha boshladi. Ana shunda ota-ona havotirlangan voqea yuz berdi: bolaning oʻqishi pastlashdi, sinfda oʻzini tutishi ham salbiy tomonga oʻzgardi. Ta’bir joiz boʻlsa, ota-onaning qoʻlidagi kaptar uchdi-ketdi. Endi u qaytib qoʻnadimi, yoʻqmi?

Tasavvur etaylik, Oqilbekning otasi yoki onasi sizdan maslahat soʻrashyapti. Bolani toʻgʻri yoʻlga qaytarish uchun ular qanday chora koʻrishlari kerak, nima deysiz? Nazoratni kuchaytirsinlarmi? Bolani ma’lum muddatga «uy qamogʻiga» hukm etsinlarmi? Onasi ishdan boʻshab, bolasiga qarab oʻtirsinmi?

Oqilbekni «qayta tarbiyalash» odatdagidek, koʻp sinalgan, ammo durust natija bermagan ota-ona, muallim ishtirokidagi suhbatlardan boshlandi. Tabiiyki, toʻgʻri yashamoqlikka misol zarur boʻlganida ular uzoqqa borib oʻtirmay, oʻz yoshliklarini esladilar. Ularning gaplariga qaraganda bolalik, oʻsmirlik, yoshliklari shu qadar musaffo ekanki, buni bilsa hatto farishta ham lol qolishi mumkin boʻlardi. Holbuki, otaning oʻsmirligi bilan Oqilning shu kundagi hayoti taqqoslansa, oʻrtada faqat kaptar boqish ishtiyoqi yoʻq edi xalos. Oqilbekni oʻrtaga olgan tarbiyachilar xuddi chilyosin oʻqib dam solguvi azayimxonga oʻxshashardi. Azayimxon oʻqilmish duolarning kor qilayotgani yoki havoga uchayotganidan bexabar boʻlgani kabi ular ham gaplari ta’sir etayotgani yoki besamar ketayotganini bilmasdilar. Oqilbekning indamay tinglayotganini «sukut - rizolik alomati», deb bilib, suhbatning foyda berishiga ishondilar. Ularning nazarida Oqilbek shu ondan boshlab yana avvalgiday odobli, moʻmintoyga aylanishi kerak edi.

Ular bilmaydilar-ki, yoshliklarini misolga keltirayotgan paytlarida Oqilbekning xayoli Toʻrabekda, bugun oqshom sotib olinajak ajoyib oʻyinchi kaptarda boʻlgan. Yana bilmaydilar-ki, Oqilbekka ularning misollari mutlaqo ta’sir etmaydi. Uning uchun tirik misol - Toʻrabek. Istagan kaptarini sotib oladi, istaganini sotib yuboradi. Yonidan pul uzilmaydi. Xohlagan joyiga boradi. Birovdan soʻrab oʻtirmaydi. «Falon joyga borib keldim», deb hisobot ham bermaydi. Mana bunaqa tarbiyachilarning oʻrtasida shumshayib ham oʻtirmaydi. «Borlaring-e!» deb shart turib ketvoradi...

Bunday suhbat yana bir-ikki takrorlangach, ota-ona tarbiya usulini oʻzgartirishga qaror qilishdi. Toʻrabek bilan doʻstlashishning zarari haqidagi gaplarini bas qilib, uni uyga taklif etishdi. Oqilbekka bu gʻalati tuyuldi. Taklifning samimiy ekaniga uncha ishonmadi. Taklif takrorlanavergach, Toʻrabekni boshlab keldi. Ota-onaning maqsadi endi Toʻrabekni «qayta tarbiyalash» edi. Bu billiard oʻyinidagi bir soqqani uchinchi soqqa bilan urib tushirishga oʻxshash gʻoyat nozik usul edi. Bu tarbiya usuli uydagi narsalar yoʻqola boshlagach, toʻxtatildi. Ammo ota-ona harakatlarini toʻxtatishmadi. «Oʻrtogʻing oʻgʻri ekan», deb malomat toshlarini yogʻdirishmadi. Buni Oqilbekning oʻzi mulohaza qildi. «Oʻrtogʻining uyidan narsa oʻgʻirlovchi odam qanday doʻst boʻldi?» degan muammo uni anchagacha qiynadi. Shunda ota ijobiy samara beruvchi tarbiya usulini qoʻlladi. Avtomobilga, uni tuzatishga qiziqmaydigan oʻsmir boʻlmasa kerak. Ota oʻgʻlidagi shu qiziqishdan foydalanmoqchi boʻldi. Uning bir birodari usta edi. Eng muhimi iymon bobida boshqalarga oʻrnak boʻluvchi adab sohibi ham edi. Oʻgʻillari Toʻrabekka qoʻshilmasidan ilgari ham uni hunarga berish masalasi koʻtarilganida ona «bolam qora moyga belanib yuradimi»,- deb koʻnmagandi. Bu safar noiloj rozi boʻldi. Ota avtomobilni tuzattirish bahonasida Oqilbekni ham boshlab bordi. Usta ishlay turib Oqilbekka ham bir-ikki yumush buyurdi. Moy tegmasin, degan maqsadda qoʻl uchida bajarsa ham tanbeh bermadi. Aksincha, «oʻgʻlingiz ziyrak bola ekan»,- deb maqtab qoʻydi. Keyin bir oʻzi qiynalayotganini aytib, «Menga shogird boʻlmaysanmi?»- deb soʻradi. Shu oʻrinda u otadan emas, uning oʻzidan soʻrab donolik qildi. Oqilbek ikkilanganicha otasiga qaradi.

Ota koʻndi. Usta «astoydil qiziqsang kelarsan, joningga tegsa tashlab ketarsan. Seni zoʻrlash yoʻq. Usta boʻlishing shart ham emas. Katta yigit boʻlib qolibsan, mashinalaringni oʻzing tuzatishni oʻrganib olsang bas. Qachongacha menga oʻxshagan ustalarga sargʻayib yurasanlar. Otangga «oʻrgan», desam oʻrgana olmadi, sen boshqachasan. Men odamning kalit ushlashidan bilaman. Sen bir-ikki oyda motorni mustaqil yechib, joyiga joylaydigan boʻlasan. Bitta shogirdim bor edi, besh yilda ham murvatni burashga qoʻli kelmadi. Boʻlmaydigani boʻlmaydi-da, sen boshqachasan...»- deb Oqilbekda ishonch uygʻotdi. Oqilbek darslardan keyin ustaga qatnay boshladi. Har kuni ota-ona uning hikoyalarini qiziqib tinglaydigan boʻlishdi. Ota doʻstining fazilatlarini aytganda Oqilbek ziyraklik bilan tinglardi. Chunki u mazkur fazilatlarni amalda koʻrardi. Oqibat, Oqilbek faqat hunar oʻrgatadigan ustaga emas, sirdosh doʻstga ega boʻldi. Kaptarlarni ham, Toʻrabekni ham unutdi.

Podshohning bogʻboni tengsiz bir gul yaratib olampanohga taqdim etibdi. Podshoh gulni koʻrib tasannolar aytibdi-da, yonidagi qulga buyuribdi:
-Bu gul tengsiz goʻzal qizning chiroyiga chiroy boʻlib qoʻshilishi kerak. Boqqa chiqib qaragin-da, oʻsha goʻzalga buni ber.

Xabash ta’zim bilan chiqibdi. Bogʻda podshohning qizi - goʻzal malika kanizaklari bilan sayr qilib yurardi. Xabash gulni egasiga topshirib iziga qaytdi.
-Gulni berdingmi?-deb soʻrabdi podshoh.
-Berdim, -debdi xabash qul,- eng goʻzal qizga berdim.
-Kim ekan u, goʻzal qiz?

Podshoh «tengi yoʻq goʻzal qiz sizning farzandingiz, mening malikam», degan javobni kutib atay shunday deb soʻragan edi. Ammo javob podshohni ham, boshqalarni ham ajablantiradigan boʻlibdi:
-Men gulni oʻzimning qizimga berdim,-debdi qul.

Bu rivoyatga «Qoʻngʻiz bolasini oppogʻim, tipratikan yumshogʻim, deydi» maqolini ilova qilsak ayni muddaodir.

Biz farzandlarimizga mahliyo boʻlib, uning jamoadagi oʻrni bilan kam qiziqamiz. Farzandimizning doʻstlariga nisbatan talablarni qalashtirib tashlaymizu ammo oʻgʻlimiz yoki qizimizni birov oʻziga doʻst deb qabul qiladimi yo yoʻqmi, buni kamroq oʻylaymiz.

Bir maktabda muallimlar yordamida tajriba oʻtkazdik. Avval sakkizinchi sinfdagi bolalarning f’el-atvorlari bilan qiziqdik. Bolalarning bir-birlariga munosabatini muallimlar oʻzlarining kuzatuvlari asosida gapirib berishdi. Tashqi kuzatuv aldamchi boʻlishi ham mumkin. Shu bois oʻsha sinfga kirib «Men qaysi sinfdoshimni yoqtirmayman? Yoqtirmasligimning sababi nima?» degan mavzuda insho yozib berishlarini iltimos qildik. Inshoga imzo qoʻymasliklarini, undagi fikrlar boshqalarga ma’lum qilinmasligini, sir saqlanishini ham aytdik. Kutganimizdek, inshoni yozishga barchada birday ragʻbat uygʻonmadi. Ba’zilar umuman yozishmadi. Ayrimlar «Menga hamma yoqadi», deb gapni qisqa qilib qoʻya qolishdi. Shundan soʻng biz boshqa sinfda mavzuni oʻzgacharoq tarzda bayon qildik: «Insho mavzusi: «Doʻstlik». Quyidagi savollarga javob berishga harakat qiling: Siz qanday bolani yaxshi oʻrtoq deb hisoblaysiz? Sizningcha kim yomon oʻrtoq hisoblanadi? Nima uchun siz uni yomon deb hisoblaysiz? Siz nima sababdan oʻrtogʻingizdan ranjishingiz va u bilan doʻstlashmay qoʻyishingiz mumkin? Sizningcha haqiqiy oʻrtoq qanday boʻlishi kerak?» Bu inshoda bolalarning uchdan ikki qismigina iltimosimizni bajarishdi. Shunga qarab ham xulosa chiqarish mumkin boʻldi. Muallimlar sinfdagi bir necha bolaga salbiy fikr bildirishgan edi. Insholar buni tasdiqladi. Mana, shulardan ayrimlari:

«Shorahim - bezbet bola. Agar birovda ishi boʻlsa atrofida girdikapalak boʻlaveradi. Ishi bitgach, yuzini burib ketadi. U kuchiga ishonib, boshqalarni mensimaydi.»

«Unga ishonib boʻlmaydi, doʻstini ham aldashdan toymaydi. Yomonroq niyatini doʻstining qoʻli bilan amalga oshirmoqchi boʻladi, oʻzi esa chetda tamoshabin boʻlib turaveradi.»

«U maktabda pismiq, koʻchada zoʻravon oʻrtoqlari oldida sherday boʻlib ketadi.»

«Oʻzidan kattalardan qoʻrqadi, kichiklarga zoʻrlik qilib, masxaralaydi.»

Bizni ham, muallimlarni ham taajjubga solgan insho Shoakbar degan bolaniki boʻldi. Muallimlarning aytishicha, Shoakbar sinfdagi eng zaif, qoʻrqoqlardan sanalarkan. Sinf zoʻrlaridan birini oʻziga yaqin doʻst tutib yurarkan. Koʻpchilik, xususan, muallimlar ham bu doʻstlikni himoya vositasi sifatida qabul qilisharkan. Shoakbar inshoda doʻst deb yurgani oʻsha zoʻrning barcha illatlarini sanab, «Men yozgan inshoni hammaga oʻqib bering. Men u bilan doʻstlikni uzdim. Doʻstlar orasida manfaat boʻlmasligi kerak», debdi. Bolaning talabini bajarib, inshoni oʻqib beraylikmi yo yoʻqmi, deb ikkilandik. Undan «shu talabingda qat’iymisan?» deb alohida soʻradik. U talabidan qaytmadi. Shunda insho oʻqib berildi. Sinf birdan jimib qoldi... Qoʻrqoq va zaif sanalgan bolaning shu ondan e’tiboran dovyurak yigitchaga aylanganini biz ham xis qildik. Bolaning oʻzidagi qoʻrqoqlikni yengishi sinfdagilarga hatto oʻsha «zoʻr»ga ham ta’sir qildi. Xavotirimiz oʻrinsiz chiqdi - «zoʻr» Shoakbarga tegmadi. Bir haftadan soʻng muallimlar iltimosimizga koʻra, «Toqqa sayohatga chiqamiz. Kichik avtobusga yigirma beshta odam sigʻadi. Kimlar ortiqchaligini roʻyxatda oʻzingiz belgilang», deb bolalarga murojaat qilishdi. Bolalar ortiqcha deb hisoblab, roʻyxatdan oʻchirilganlar orasida oʻsha «zoʻr»ning nomi ham bor edi. Safar bir sabab bilan bahorga qoldirilib, yana roʻyxat tarqatilganda «zoʻr»ning nomi oʻchirilmabdi. Sababini bilsak, «zoʻr» Shoakbarni ta’zirini berish oʻrniga unga yaqinroq boʻlishga harakat qilibdi. Inshoda bayon etilgan illatlaridan qutilishga intilibdi. Garchi Shoakbar doʻstlikdan voz kechgan boʻlsa-da, chin oʻrtoq topganini anglabdi.

Ba’zilarimiz farzandimizning doʻst tanlashiga talabni kuchaytirsak, ayrimlarimiz loqayd boʻlamiz. «Farzandimiz aqlli, oʻziga oʻxshagan aqlli bolalar bilan doʻstlashadi», deb hotirjam yuramiz. Hozirgi kunda oʻsmir yoshiga yetganlarning koʻpchilgi bolaligi oʻtgan maktabni tark etib litsey, kollejlarga borishyapti. Ular uchun faqat oʻquv dargohi yangi emas, doʻstlar davrasi ham mutlaqo oʻzgachadir. Turli mahallalarda, turli oilalarda, odob va madaniyat darajasi turlicha boʻlgan muhitda tarbiya koʻrgan bolalar oʻzlari uchun yangi olamni kashf etishga kirishganlarida oʻzaro tanishadilar. Oʻzlariga hos kamchiliklarni yashirishga urinadilar. Dastlab ular orasida yuzaki doʻstlik paydo boʻladi.

Bu doʻstlikning umri uncha uzoq boʻlmasligi ham mumkin. Maktabda sinfning erkasi boʻlgan bola yangi joyda e’tibordan chetga chiqishi tabiiydir. Aytmoqchimizki, bu yangi sharoitda bola ogʻir ruhiy kechinmalar toʻlqinini yengib oʻtishga kirishadi va bunda tarbiyachining madadi zarur boʻladi. Farzandning yangi doʻstlarini ehtiyotlik bilan oʻrganishga toʻgʻri keladi. Bu litseyga yoki kollejga borib ularni surishtirish shart, degan gap emas. Uydagi samimiy suhbatlarda mavzuni yangi oʻrtoqlarga buraverish kerak. Agar bolangiz biron film haqida fikr yuritsa, «oʻrtoqlaring ham koʻribdimi, ular nima deyishyapti?» kabi savollar bilan yangi doʻstlarning qiziqishlarini, ularning dunyoqarashlarini bilib olsa boʻladi.

Koʻpgina oilalarda tugʻilgan kunlarni yuqori maqomda nishonlash odat tusiga kirib boryapti. Shubhasizki, bu ziyofatga bola oʻzining bir qancha doʻstlarini aytadi. Ular orasida sinalganlari - goʻdaklikdan birga katta boʻlgan mahalladoshlari va yangi doʻstlari ham taklif etiladi. Ota-ona ayniqsa mana shu holatga e’tibor berishi shart. Chunki bir-birini tanimagan ikki guruh suhbat chogʻida gap talashib qolishi mumkin. Ma’lum jinoyatlar aynan shunday gap talashishlardan boshlanadi.

Zamonalining tugʻilgan kunida shunday boʻldi. Oʻsmirlar «taklif etilmagan yerga borma», degan odobni hali yaxshi bilmaydilar. Bir bola oʻrtogʻiga «yur, ziyofatga birga boraylik»,- desa bunisi «tanimagan joy, qalay boʻlarkin»,- deb istihola qilib oʻtirmay ketaveradi. Zamonalining litseydagi doʻsti mehmonga bir oʻzi borgisi kelmay ikki oʻrtogʻini ergashtirdi. Chaqirilmagan mehmonlar uydagi ayrim buyumlarga qiziqib uni oʻgʻirlamoqchi boʻlishganda janjal chiqib, koʻngilsiz voqea yuz bergan.

Bu bayondan maqsadimiz: doʻst tanlashdek nozik va mas’uliyatli ishda farzandimizni sira-sira yolgʻiz qoʻymasligimiz kerak. Bizning bu masalaga aralashuvimizni asab hujayralariga tigʻ uruvchi jarrohning ishidagi mas’uliyatga qiyoslashimiz ham mumkin. Ana endi yuqorida diqqatingizga havola etilgan savolga javob qaytarish vaqti yetdi:

Donolar vafoli va muhabbatida ixlosli doʻst tanlashda zikr etilajak mana bu muhim maslahatlarga e’tibor qaratadilar:

birov bilan doʻst boʻlishni istasangiz, uning doʻstlarini tekshiring. Agar ularning fe’l-atvor, odob va tarbiyalarini yaxshi tekshirib bilsangiz, uning ham fe’l-atvorini anglaysiz. Chunki har kim oʻziga munosib kishi bilan doʻst boʻladi.

uning yurish-turishiga diqqat qiling, axloqini oʻrganing.

u bilan muomala qiluvchilardan uning muomalasini soʻrang, undan rozi yoki norozi ekanliklarini, unga ishongan yoki ishonmaganliklarini bilasiz.

uning koʻrinishiga, tashqi qiyofasiga aldanmang, chunki ichi qora boʻlishi mumkin.

boshqalarni g‘iybat qiluvchi, ularning sirlarini soʻzlovchi bilan doʻst boʻlmang.

yomon yoʻlga boshlovchi kishi bilan doʻst boʻlishdan hazar qiling.

Farzandingizning «kim bilan doʻstlashish mumkin?» degan savoliga toʻliq javob berish uchun bu nasihatlarning oʻzi kifoya qilmas. Qani, oʻzingiz yana nimalar deya olasiz?

Tutqunlik

Yigitcha yoki qizcha oʻsmirlikning notekis soʻqmogʻida qoqildi, qil koʻprikdan oʻtolmadi. Ozodlikning quyoshi endi unga saodatli nurini sochmaydi. Bu yoqda ota-onaning dili xufton, u yoqda hayotning lazzati nimada ekanini anglashga ulgurmagan tutqun boʻlajak yoʻlida yilt etgan nur koʻrolmay badbinlikka beriladi. Ayrimlari bu ruhiy qiynoqlar iskanjasida tamoman taslim boʻladilar. Ular uchun endi yashashning qizigʻi qolmaydi. Ba’zilari qilib qoʻygan gunohlarini fahm etib, oʻzlarini oqlash choralarini izlaydilar, belgilangan jazo muddati tugagach, hayotga qay tarzda qaytmoqliklarini oʻylaydilar. Ayrim toifa esa oʻzini shafqatsiz hayotdan oʻch olgan hisoblab, bu yoʻldan qaytmaslikni qasd qilib oʻtiradi.

Bola hayotga moslashish shartligini bilmaydi. U tasavvuridagi haqiqat va adolatga hayotning boʻysunishini istaydi. Hayot esa... ayovsizdir.

Jinoyat koʻchasi ostonasida turgan oʻsmir bilan bu ostonani bosib oʻtib, qamoq jazosiga hukm qilingan mahbusning ruhiy kechinmalari orasida katta farq mavjud. Huddi shuningdek, qamoqda oʻtirgan kattalar bilan oʻsmirlarning ruhiy olami bir-biriga aslo oʻxshamaydi. Kattalar hayot tajribasiga asoslanib, ruh azoblarini qanoat bilan yengmoqqa urinadilar. Hayot tajribasiga ham, sabr-qanoatga ham ega boʻlmagan oʻsmirlar esa oʻzlarini gʻam-alamlari bilan yolgʻiz qoladilar.

Bolalarimizga jazo berish masalasini avvalgi boʻlimda qisman yechmoqqa urinib koʻrgan edik. Endi e’tiborimizni asosan shu muammoga qaratsak.

Inson yaxshi tarbiya koʻrmagan va turmushda tajriba orttirmagan boʻlsa, u koʻp narsalarni nazarga ilmaydi va undan jirkanadi. Bunday narsalar unga nooʻrin koʻrinadi. Va aynan shu narsa unga tutqunlik eshigini ochib beradi. Inson bilim va tajribaga ega boʻlgandan soʻng fikri oʻzgaradi, nooʻrin boʻlib koʻringan narsalar zaruriy boʻlib chiqadi. Amerika adibi Mark Tven «Otam oʻn toʻrt yoshimda ahmoq edi, yigirma toʻrt yoshimda oʻylab qarasam, otam aqlli, men esam ahmoq boʻlgan ekanman», deb yozadi. Haqiqatni anglab yetish uchun yillar kerak. Afsus shundaki, ba’zi oʻsmirlarning oqibatda haqiqatni anglab yetmoqliklari uchun tutqunlik imtihonidan oʻtmoqliklariga toʻgʻri keladi.

Jinoyat koʻchasining ochiq darvozasi

  • Ostona hatlangach

  • Qotil... 13 yoshda?

  • Rasulalloh dedilarkim: ...bolalaringizni urmang!

  • Bola jinni emas, ammo…

  • Bola necha yoshida jazolanishi mumkin?

Savolga javob qaytarmoq uchun jazo turini ikkiga ajratsak: ya’ni, uydagi shoʻxligi yoki bevoshligi uchun biz - ota-ona tomonidan belgilanuvchi jazo. Ikkinchisi jamiyatga yetkazgan zarari tufayli beriladigan jazo. Ota-onaning hukmi va bu hukmning ijrosi orasida ba’zan bir nafas ham vaqt oʻtmaydi. Bolaning aybi aniqlanishi hamon yo soʻkiladi, baqiriladi, yoki tarsaki tushirib qolinadi. Uyda bolani jazolash uchun aniq yoshi belgilanmaydi. Farzand goʻdaklik chogʻidayoq jazoga mubtalo boʻladi. Agar koʻproq yigʻlab yuborsa, tagini bemavrid hoʻl qilib qoʻysa, yoki piyoladagi choyni bexos toʻkib yuborsa... darrov jazoga tortamiz. Holbuki bola bu ishlar uchun aybdor emas. Agar atayin ayb qilsa jazo toʻgʻrisida oʻylab koʻrish mumkin. Avvalgi boblardan birida aytganimiz yaponlarning, yahudiylarning bolalarni jazolamasliklarini yana bir bor eslab oʻtishni joiz deb bildik. Bola koʻchadagi doʻkonda koʻzlarni oʻynatib turuvchi oʻyinchoqni koʻrib «olib bering», deb xarxasha qilsa ham urishimiz kerakmi? Bola bizning hatti-harakatimizni sinchiklab kuzatadi. Qaysi nobop ishi uchun kimdan qanday jazo olishini biladi va oʻzicha shunga yarasha chora-tadbirlarni ishlab chiqadi. Onasi koʻpincha tanbeh bilan kifoyalanadi. Demak, undan choʻchimasa ham boʻladi. Otasining qahri yomon, undan qoʻrqqulik... Bolaning yolgʻon toʻqishi yoki aybni boshqalarga agʻdarishga urinishi jazoning kim tomonidan kutilishiga bogʻliq boʻladi. Shafqatsiz jazolashga odatlangan xonadonda bola aybga iqror boʻlish, tantilik, mardlik, qoʻrqmaslik, insof, qat’iylik kabi fazilatlardan begona ravishda ulgʻayadi.

Oilalarning odob va madaniy darajasi bir hil emasligi ma’lum. Shundan kelib chiqqan holda bolalar tarbiyasiga e’tibor ham turlicha. Ayrim oilalar bola tarbiyasi bilan shugʻullanmoqchi boʻladi, bolasining baodob tarzda voyaga yetishini istaydi ammo bunga oʻzlarida yetarlicha ilm va tajriba yetishmasligidan qiynaladi, bu toifadagi ba’zi oila boshliqlari «tirikchilik tashvishi» degan bahona bilan oʻz istaklariga oʻzlari gʻov boʻladilar. Ayrim oilalar gʻoyat darajada madaniy va ziyoli boʻlganlari sababli bola tarbiyasiga vaqt ajrata olmaydilar va bu ish bilan shugʻullanishni oʻzlariga ortiqcha tashvish deb biladilar. Bola tarbiyasi ularni asosiy ishdan chalgʻitganday tuyuladi goʻyo. Afsuslar boʻlsinkim, yana shunday oilalar borki, ular bola tarbiyasi bilan shugʻullanishni istashmaydi. Bularni «ogʻir oila», deb atashadi, biz esa bular oila degan muqaddas nomga umuman noloyiq deb hisoblaymiz. Farzandi ham, iymoni ham buzuqlik va aroqxoʻrlikdan iborat ikki jinsning hayvoniy qoʻshiluvini «oila» deb atash mutlaq nooʻrindir. Shuning uchun ham jamiyat ularni koʻp hollarda ota-onalik huquqidan mahrum etadi. Bu mahrumlik ehtimol oddiy jazo boʻlib tuyular. Har holda aybdor qamalmayapti, jarima ham solinmayapti. Moddiy va jismoniy ogʻriqqa mubtalo etilmayapti. Lekin, bizningcha, tushungan odamlar uchun bu oʻlim jazosidan ham battarroqdir. Oʻz farzandiga otalik yoki onalik huquqidan, uni suyib erkalashdan, keksayganda esa uning rohatini koʻrishdan mahrum boʻlgandan koʻra oʻlib ketgani ming karra afzalroq. Oʻylab qarasak, mahrumlik - oʻlimning oʻzginasi. Faqat jisman emas ruhan oʻlmoqlikdir. Ota-onalik huquqidan mahrumlar aslida ruhan oʻlib boʻlgan - tirik oʻlikdirlar.

Uyda bolaga jazo berish haqida soʻz ketganda olimlarning bir tadqiqotiga e’tiboringizni jalb etishni lozim deb bildik. Tadqiqot natijalariga koʻra, oʻrganilgan oilalarning 46 foizida bolani shafqatsiz ravishda kaltaklash kuzatilgan, 15 foizida ayb ish qilib qoʻygan bola uydan haydab chiqarilgan, 11 foizida oʻz farzandlarini taomlanishdan mahrum qilishgan, ya’ni och qoldirishgan, 13 foizida bogʻlab qoʻyishgan yoki yertoʻlaga qamashgan, 10 foizida urib, mayib qilishgan. Koʻngilni xira qilguvchi bu noxush raqamlarga jamiyat befarq qaramasligi lozimmikin? Bolalarga ogʻirmi yengilmi jazo berilayotganini koʻrsam yo eshitsam turklarning ashulasini eslayman, oʻzbekcha ifodasi bunday: «Bizim goʻdaklarimiz ular, bizim avlodlarimiz, mehrga, shafqatga ehtiyojlari bor. Seving ularni, seving ularni, peshonasidan oʻping ularni!»

Farzandlarini jazolashni hush koʻruvchilarga sharafli hadislardan birini eslatmoqni lozim koʻrdik. Abu ad-Dardo (roziyollohu anhu) «Rasulalloh menga toʻqqizta amalni buyurdilar», deb bu amallarni bayon eta turib ta’kid etmishlarkim: «... xotin va bolalaringga kaltak koʻtarma, toʻgʻri yoʻldan yurmasa, bola-chaqalaringni Olloh Taoloning qahri-gʻazabiga duchor boʻlishlari bilan qoʻrqit.»

Uydan qochib ketuvchi bolalar haqida gapirib edik. Ular orasida aynan haqsiz jazodan bezib ketganlar koʻpchilikni tashkil etadi. Yaqinda bir qarashda suyunchli, bir qarashda afsusli xabar bilan tanishdik. Rossiyalik opa-singil oʻgʻirlanib, Yunonistonga sotib yuborilgan ekan. Ular bir necha yil ichida topilib, Vatanga qaytarilganlar, lekin... ular mayxoʻr onalari bagʻriga qaytishni istamaganlar. Bunga nima deymiz?

Oʻsmirlik yoshini mutaxassislar 12-14, 15-16 va 17-18 deb belgilaydilar. Albatta bu taxminiy boʻlinish. Unda bolalarning tabiiy va ruhiy oʻsishlaridan koʻra maktabda oʻqiydigan sinflari koʻproq e’tiborga olingan. Jinoyat uchun jazo belgilash masalasiga kelsak, boʻlinish sal oʻzgacharoqdir. Ya’ni bola 13 yoshidan jazoga tortilishi mumkin. Bu yoshda asosan bola qotillik uchun jazolanadi. 14 yoshdan esa oʻgʻirligi uchun jazoga tortiladi. 13 yoshdan kichikroq bolalar jiddiyroq ayb qilsalar ular maxsus maktablarda tarbiyalanadilar.

Jazo haqida gap ketganda Oʻzbekiston Respublikasining jinoyat kodeksiga murojaat qilmoqlikka toʻgʻri keladi:

«Sud voyaga yetmaganlarga jazo tayinlashda jazo tayinlashning umumiy asoslariga amal qiladi, voyaga yetmaganlarning rivojlanganlik darajasi, turmush sharoiti va tarbiyasini, sogʻligʻini, sodir etgan jinoyatining sabablarini, katta yoshdagilarning va boshqa holatlarning uning shaxsiga ta’sirini hisobga oladi.»

«Oʻn uch yoshdan oʻn olti yoshgacha boʻlgan vaqtda jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoyatlar majmui tariqasida jazo tayinlanganda ozodlikdan mahrum qilishning eng koʻp muddati oʻn yilgacha, agar sodir etgan jinoyatlarning bittasi oʻta ogʻir jinoyat boʻlsa, oʻn ikki yilgacha tayinlanadi.»

«Oʻn olti yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan vaqtda jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoyatlar majmui tariqasida ozodlikdan mahrum qilish jazosi - oʻn ikki yilgacha muddatga, agar sodir etgan jinoyatlarining bittasi oʻta ogʻir jinoyat boʻlsa, oʻn besh yilgacha muddatga tayinlanishi mumkin»

Jinoyat kodeksidan ayrim bayonlarni keltirganimiz bejiz emas. «Biz jinoyat va jazoga taaluqli qonunlardan yaxshi xabardor emasmiz», deyilsa, rad etishga shoshilmang. Mazkur da’voni osmondan olganimiz yoʻq. Ota-onalar, muallimlar, bolalar orasida tarqatilgan soʻrovlarimizning natijasi bizni shu fikrga olib keldi. 13 yoshdagi bolani jinoiy jazoga tortish mumkinligini hech kim bilmas ekan. Soʻralgan ota-onalarning 80 foizi 15-16 yoshdan oshgan bola jinoyati uchun qamalishi mumkin, deb oʻylarkan. 15 foizi 14 yoshli bolaning qamalishi mumkinligini bilarkan. 5 foizi esa «14 yoshli bola ham jinoyati uchun qamalishi mumkin», degan gumonda ekan. Bu koʻrsatgich muallimlarda bir oz yaxshiroq, ya’ni haqiqatga yaqinroq. Buning sababi: ular bevosh, boʻysunmas bolalar tufayli militsiya bilan aloqadalar va shu jarayonda huquqqa doir ma’lum bilimga ega boʻladilar.

Huquqqa doir bilim olishning darajasi sust ekani haqida tashvishlanib koʻp gapiriladi. Bolalar va oʻsmirlarning jinoyat koʻchasiga kirib qolishlariga shu bilimning yetishmasligi ham sabab, deguvchilarning fikrlariga qoʻshilmoqlik kerak. Ota-onalar va muallimlar bilan fikrlashganimizda ularga bir oʻgʻirlikning ikki koʻrinishini bayon etdik: sinfdagi kompyuter oʻgʻirlangan. Birinchi holatda oʻgʻri ochiq qolgan eshikdan kirib, koʻtarib chiqib ketgan. Ikkinchi holatda derazani sindirib kirgan. Bu jumboqni yechishda 87 foiz ota-ona «har ikkala holda ham bir buyum oʻgʻirlanyapti, demak jazo bir hildir», deb hisoblashibdi. 9 foizining fikricha, jazo belgilanayotganda buyumning narxiga sindirilgan deraza oynasining qimmati qoʻshib hisoblanarkan. Faqat toʻrt foiz ota-ona bir holatda oddiy oʻgʻirlik, boshqa holatda talonchilik deb baholanishini bilganlar. Bolalar esa buning farqiga mutlaqo yetmaganlar.

Jamiyat tartib-qoidalari bilan jinoyat kodeksi orasidagi farq koʻpchilikni chalgʻitishi mumkin. Ya’ni: oʻsmir 16 yoshga toʻlganda unga pasport beriladi. Shuning uchun ba’zilar aynan shu yoshda jazoga tortilishi mumkin, deb oʻylaydilar. 18 yoshga toʻlganda saylovda ovoz berish huquqiga ega boʻladi, yigitlar shu yoshda harbiy xizmatga boradilar. Demak, balogʻatga yetadilar, jazo ham shu yoshda beriladi, deguvchilar ham mavjud. Bu fikrlarda jon bor, ularni mutlaq inkor etib boʻlmaydi. Jinoyat kodeksi ham jazo turlarini belgilashda ulgʻayish yoshlarini hisobga oladi.

12-14 yoshda bolalikdan oʻsmirlikka oʻtish jarayoni, ya’ni boʻysunmaslikning boshlanishi kuzatiladi. Avval aytganimizday, bola oʻzini kattalar safida koʻrgisi keladi, ong shakllana boshlaydi. Islomda oʻgʻil bolalar uchun oʻn bir, qizlar uchun toʻqqiz yoshdan namoz farz qilingan. Oʻylab koʻraylik-chi, nima uchun shunday? Aynan shu yoshda bolaning ongi haq-nohaqni aniqroq farqlay boshlaydi. Oʻz hatti-harakatini ongli ravishda boshqarishga oʻtadi. Endi u ota-onasi aytgani uchungina emas, Olloh bilan ongli ravishda bogʻlana boshlagani uchun namoz oʻqiydi. Demak, endi uning biron aybini bolalik shoʻxligiga, aqli yetmaganiga yoʻyish toʻgʻri ham emas. U oʻgʻirlikning jinoyat ekanini, jinoyatga loyiq jazo borligini biladi. Bilmasa, qilgʻiliqni qilib qoʻyib qochmagan, yashirinmagan boʻlardi. 10-11 yoshli bolalarga «oʻgʻirlik, talonchilik, bosqinchilik, qotillik, bezorilik uchun maktab oʻquvchilari qamalishi mumkinmi?» degan savol bilan murojaat etdik. Soʻralganlarning 92 foizi jinoyat uchun bolalarning ham jazolanishi muqarrarligini bilisharkan. 5 foizi 18 yoshdan keyin jazolanishi mumkin, deb hisoblar ekan. 3 foizi esa aniq bilmas ekan.

13-14 yoshdagi jinoyatchilar koʻp emas. Oʻsmir ulgʻaygani sayin, jinoyati uchun jiddiy jazo mavjudligini toʻlaroq his etadi. Jinoyatga yarasha jazo tortajagini bilgach, u oʻzini tiya bormogʻi lozim. Mantiqan olib qaralsa shunday. Ammo jinoyat olamining oʻziga tortish qonuni bizning hayot haqiqatidan kelib chiqadigan mantigʻimizga mos kelavermaydi. Mana bu raqamlar ehtimol fikrimizni tasdiq etar, siz ham diqqat qiling: biz oʻrgangan bir joydagi jinoyatchi oʻsmirlarni 100 foiz deb olsak, shundan oʻrtacha 8,2 foizini 14 yoshlilar, 26,8 foizini 15 yoshlilar, 30,2 foizini 16 yoshlilar, 34,8 foizini 17 yoshlilar tashkil etdi. Boshqa joydagi tadqiqotda raqamlarda farq boʻlsa-da, mazmun oʻzgarmadi. Mana oʻsha natija: 14 yosh - 2,2, 15 yosh - 10,2, 16 yosh - 35,9, 17 yosh - 51,7. Bu raqamlarni keltirishimizdan maqsad, oʻsmirlarga nisbatan boʻlajak e’tiborimizni yil oʻtgan sayin susaytirmasdan, balki kuchaytirib borishimiz lozimligini eslatib qoʻymoqdir. Farzandimiz 14-15 yoshligida biz uning yurish-turishiga koʻproq ahamiyat beramiz. Chunki uning oʻsmirlik olamiga kirish chogʻidagi hatti-harakati, gap-soʻzlaridagi oʻzgarishlar sezilarli boʻlgani uchun doimo diqqat-e’tiborimizda turadi. Oʻsmirlik olami chegarasidan oʻtib olgach, u oʻzini ancha bosib olganday, nazarimizda «aqli toʻlishib qolganday» tuyuladi. Toʻgʻri, aqliga aql qoʻshiladi. Ammo bu yoshda jinoyat jari yaqinidagi koʻchadan uzoqlashmagan boʻladi. E’tiborimiz susaydimi, kimgadir ergashibmi, qoʻrqibmi yo boshqa sababdanmi shu jarga qulashi ehtimoli borki, bundan barchaning farzandini Ollohning oʻzi asrasin!

Kimyoda «katalizator», «zanjir reaktsiya» degan tushunchalar bor. Shisha idishda zararsiz turgan moddaga bir tomchigina oʻzga modda tomizilsa u qaynab, junbushga kelib, dahshatli kuchga aylanishi mumkin. Huddi shunga oʻxshab jinoyatchilikda ham oʻziga hos «katalizator»lar mavjud. Buni oddiygina qilib «sabab» ham deymiz.

Qotillikning sabablari oʻrganilganda mana bu raqamlar yuzaga keldi: qotillikning 8,8 foiziga gʻayirlik sabab ekan. 19,1 foiziga qasos hissi, 11,3 foiziga rashk, 29,4 foiziga bezorilik, 20,7 foiziga esa gap talashish, mushtlashish sabab boʻlgan.

Bolalar va oʻsmirlarga xos jinoyatchilik kattalarnikidan koʻp jihatlari bilan farqlanadi. Shulardan biri - koʻplashib olib jinoyat qilish. Bola yoki oʻsmir kamdan kam hollardagina yolgʻiz oʻzi jinoyat qiladi. Oʻrganilgan davrda qamalgan oʻsmirlarning faqat 24 foizigina yolgʻiz holda, 76 foizi esa toʻda boʻlib jinoyat qilishgan.

Endi ularning tabiatini kuzataylik: bola yoki oʻsmir koʻchada yolgʻiz yurganida moʻmingina boʻladi. Agar birov jigʻiga tegsa ham indamasligi mumkin. Yonida oʻrtoqlari (ayniqsa qizlar) boʻlishsa-chi? Oʻsha moʻmintoy naq sherga aylanib ketadi. Bolalar va oʻsmirlar birlashib qolishsa har qanday odobni unutadilar. Baland ovozda gapiradilar, arzimagan hazilga ham qah-qah otib kuladilar, qizlarga gap otadilar, chekmaydiganlar aynan shunday davrada cheka boshlaydilar. Bulardan maqsad - atrofdagilarga oʻzini koʻrsatishga urinish. Bunday hollarda alohida shahsga xos fe’l-atvor boshqaruv tizginidan chiqib, umum guruhga xos boʻlgan fe’l-atvorga boʻysunadi. Odobi, hatti-harakati bilan boshqalardan ajralib turuvchi bola toʻdaga qoʻshilgach, ihtiyorsiz ravishda oʻzgaradi. «Boshqalar qanday boʻlishsa, men ham shundayman», degan oʻyda boʻladi. «Boshqalar tomdan tashlashsa sen ham tashlaysanmi?» degan haqiqatdan yiroqlashadilar. Bu masalada oʻsmirlarni uch toifaga boʻlish mumkin:

  • Qonunni buzmaydilar va boshqalarni ham bu yoʻldan qaytarishga urinadilar.

  • Qonunni buzmaydilar, boshqalar bilan ishlari yoʻq.

  • «Boshqalar nima boʻlsa, biz ham shu»

Ikki litsey oʻquvchilari bilan suhbatlashganimizda bu uch toifa mana bunday manzara kasb etdi:

Birinchi toifa - 50 - 52%

Ikkinchi toifa - 11 - 13%

Uchinchi toifa - 39 - 35%

Kattalarga nisbatan oʻsmirlarda jinoyatchi toʻdani tashkil etish osonroq. Toʻda tashkilotchisi hamisha ham boshliq boʻlavermaydi. U tashabbuschi, tadbirkor yoki toʻdaning gʻoyaviy rahnamosi sifatida boshliqning eng yaqin kishisiga aylanishi mumkin. Qoʻlga olingan katta-kichik oʻnta toʻdaning toʻrttasida boshliq martabasi boshqalarga nisbatan baquvvat boʻlgan yoki sport bilan shugʻullangan, qoʻl janggi usullarini yaxshi bilgan yigitchaga nasib etgan. Ikkitasini jinoyat olamini yaxshi biluvchi, tajribali, boshqacharoq aytsak, qamalib chiqqanlar boshqarishgan. Ikkitasiga shafqatsiz, qurol ishlatishdan ham qaytmaydigan, boʻysunmaslarni ayovsiz ravishda jazolaydiganlar bosh boʻlganlar. Ikkitasining boshligʻi oʻzgalardan aqlan balandroq turuvchi, reja tuzib uni amalga oshirish yoʻllarini yaxshi biluvchilar boʻlishgan. Aynan shu keyingi ikki guruhni fosh etish, qoʻlga olish qiyin boʻlgan. Jazo muddatini oʻtayotgan oʻsmirlardan «Toʻdada obroʻga ega boʻlish uchun nima qilish zarur?» deb soʻralganida ularning 42 foizi yaxshi mushtlasha olish zarur, deb javob qaytarishdi. 34 foiz oʻsmir toʻdadagi obroʻni jismonan baquvvatlik belgilaydi, deb hisoblarkan. Qolganlari puldor yoki aqlli boʻlishni asosiy sabab deb bilarkanlar.

Oʻsmirlar tashkil etuvchi toʻda uzoq yashamasligi bilan ham kattalardan farq qiladi. Toʻdaning tarqab ketishiga yoki fosh etilishiga bir qancha sabablar mavjud: 1. Toʻdaboshi martabasini talashish, toʻdaboshining buyruqlaridan boʻyin tovlash.

2.Toʻdaning ma’lum a’zolari tomonidan toʻdaning maqsadlariga qarshi chiqish, qilinayotgan ishlarning natijalaridan qoniqmaslik. 3. Toʻda a’zolari orasida fosh boʻlishdan qoʻrquvchilarning koʻpayib borishi.

Oʻsmirlar orasidagi jinoyatchi toʻdalar ba’zan tashqi ta’sir natijasida ibtidoiy ravishda yuzaga kelishi ham mumkin. Avvalgi boblarda bema’ni kinofilmlarning bolalar odobiga salbiy ta’siri haqida gapirgan edik. Bu masalaga yana qaytishga toʻgʻri kelyapti. Sabab, aynan filmlar ta’sirida toʻdalar tashkil etilgani yaqin tarixdan ma’lum. Aslida unchalik zararli boʻlib tuyulmagan ayrim filmlar kutilmaganda aks ta’sir qilishi ham mumkin ekan. Yetmishinchi yillarda Amerikadan «Beqiyos yettilik», «Yetti oʻgʻlonga yetti kelin», «Zorro» kabi dastlabki jangari ruhdagi filmlar keltirildi. Bu filmlar adolat uchun kurash gʻoyasi bilan yoʻgʻrilgan edi. Ammo ayrim oʻsmirlar bu gʻoyalarni oʻzlaricha talqin etib, jamiyatda oʻzlaricha adolat oʻrnatmoq uchun «beqiyos yettilik»lar yoki «Zorro komandasi»ni tashkil qilishdi. Hatto kulgiga moyil, samimiy hisoblangan «Avtomobildan saqlaning» degan filmdan keyin ham «Detochkin bolalari» kabi guruhlar paydo boʻlib, shaxsiy avtomobillarga zarar yetkazish bilan shugʻullandilar. Agar Detochkin ayrim tekinxoʻr shaxslarni aniqlab, soʻng mashinasini oʻgʻirlagan boʻlsa, unga taqlid qiluvchi bolalar saralab oʻtirishmadi. Kimning mashinasi toʻgʻri kelsa mix bilan chizishdi, gʻildiraklarini bigiz bilan teshishdi, hatto oʻgʻirlashdan ham qaytishmadi. Qoʻlga tushgan bolalardan «nima uchun bunday qildilaring?»- deb soʻralganda: «Nima uchun ularda mashina bor-u, bizda yoʻq»,- deb javob qilishdi. Ular oʻzlarini jinoyatchi deb tan olishmadi. Balki «adolat ishi uchun qurbonlar», deb hisoblashdi. Ularning bu da’volaridan ajablanishning hojati yoʻq. Ularning tushunchasidagi adolat mezoni sovetlar gʻoyasiga asoslangan edi.

Qamoqdagi oʻsmirlarning ma’lum guruhidan «Nima uchun toʻdaga qoʻshilib qoldinglar?» deb soʻralganida ularning 43 foizi doʻst topish ilinjida qoʻshilganlarini aytishdi. Qolganlari ota-onasi yoki oʻqituvchilarga araz qilib, qanday yashash lozimligini bilmay, adolatsizlikka qarshi kurashish maqsadida, kutilmagan gʻalati narsalarga erishish orzusida qoʻshilishgan ekan. «Toʻdada qanday yumush bilan shugʻullanar edinglar?» degan savolga olgan javoblarimizni umumlashtirsak mana bunday bayon kelib chiqadi: «Oshnalar bilan (ular «toʻda» degan soʻzni tilga olishmadi) ulfatchilik qilamiz, chekamiz, ichamiz. Pul kerak boʻlib qolsa, «yoʻlovchilardan soʻraymiz» (qanday soʻrashlari ayondir?») Zeriksak, shoʻxlik ham qilib turamiz. (Bu shoʻxlik huquqchilar tilida «bezorilik» deb ataladi.)Ba’zan uyda yotmaymiz. Oʻqishdagi yoki ishdagi intizom bizga yoqmaydi. Ba’zan soʻkishamiz, ba’zan mushtlashamiz. Qoʻlga noyob narsalar tushib qolsa, sotamiz. Ba’zan kayf uchun qoradori kukunini hidlaymiz. Istaganlar bilagiga ham olaveradi. Oʻzimizga yoqqan narsani olamiz...» Toʻdaga kirib qolgan oʻsmirlarning sururli olami shundan iborat. Tarbiyachi uni bu olamdan qanday tortib olishi mumkin? Yoki barchasining taqdiri bir - qamoqmi? Afsuski, ayrim hollardagi yakun shunday boʻlyapti.

Agar boshqa guruh bilan janjal chiqquday boʻlsa, mushtlashuvni davraning zoʻri emas, nisbatan zaifrogʻu ammo manmanlikda ilgʻor boʻlmish bola boshlab beradi. Mushtlashuvda yengilish aniqroq boʻlib qolsa, aynan shundaylar birinchi boʻlib qochadilar. Mushtlashuv ogʻir jinoyat, aytaylik, odam oʻldirish bilan yakun topsa shu bolalar yolgʻon guvohlikni bera boshlaydilar. Kim kimni qanday urgani, tepganini ziyraklik bilan kuzatib turganday batafsil tasvirlab beradilar.(Bu haqda keyinroq alohida soʻz yuritamiz.) Tergovchini chalgʻituvchilar ham shu toifadagilar boʻlishadi. Koʻplashib qilingan jinoyatlarning aksari tasodifiy voqeadan boshlanadi. Atrofdagilar ularni jinoyatchi sifatida tanimay, ularning qiliqlarini «yoshlik bevoshligi»ga yoʻyishadi. Ularga nisbatan qattiq talab qoʻyilmasligi bir tomondan toʻgʻri, bunday bolalarning oʻndan olti yoki yettisi endigi qadamini oʻylabroq bosadigan boʻladi. Shu sababli bu toifa bolalarga jinoyat olamining fuqarosi guvohnomasini berishga shoshilish yaramaydi. Bular bevoshlik chegarasidan chiqqanu ammo jinoyat koʻchasiga toʻla kirib ulgurmaganlardir. Ularga sudning «qora kursisi»da oʻtirishning oʻzi kifoya qiladi. Qamoq jazosi berilmasa ham eslarini yigʻib oladilar. Hamonki bolalar qamoqxonasini «axloq tuzatish mehnat koloniyasi» deyilar ekan, adashganlarning axloqini qamamay turib ham tuzatsa boʻladi. Biroq, bu oʻrinda masalaning mushkul jihati ham bor.

Kinoteatrga majburlab olib kelingan bir necha maktab oʻquvchilarining orasida joy talashish oqibatida janjal chiqadi. (Shunday joylarga turli maktab oʻquvchilarini toʻplash tajribasidan voz kechish kerakligini ta’kidlib oʻtmoqchimiz. Bir birlarini tanimagan oʻsmirlar orasida janjal chiqishi ehtimolini benzin toʻla idish oldida gugurt chaqishga qiyoslasak boʻladi.) Agar turli maktablardan turli guruhlar toʻplanmaganida bola joy talashib oʻtirmas edi. Bu holatda u oʻzining yolgʻiz emasligini biladi, agar indamasa «qoʻrqoq» degan nom olishi ham unga ma’lum, oʻrtoqlari hech boʻlmaganda «nega indamading, tumshugʻiga tushirmaysanmi!»- deb malomat qiladilar. Bu yoqda qizlar kulib qarab turishibdi... Xullas, kinozaldagi mushtlashuvni muallimlar tezda tinchitishadi. Kinotamosha tugagach, oʻsmirlarning tamoshalari tashqarida davom etadi. Endi bu holatda «birga bir chiqish» degan gap yoʻq. «Uchga ikki» yoki «ettiga besh» ham yoʻq. Janjalning avvalida boʻlgan-boʻlmagan bolalar mushtlashuvi avj oladi. Muallimalar bolalarni boshqara olmay qoladilar. Shu janjalda bir bola nobud boʻladi. Uni hech kim qasddan oʻldirmagan, tasodifiy tepkidan keyin jon bergan. Mushtlashuvda ishtirok etgan bolalar soʻroq qilinganda ularning toʻqson foizi «janjalga nimaga aralashganimni oʻzim ham bilmayman», deb javob berganlar. Tergov jarayonida yetti bola asosiy aybdor sifatida aniqlandi. Ana endi shu yettitadan qaysi biri adashgan, ertaga bu yoʻlga qadam bosmaydi, qaysi birining esa tuzalishi qiyin - buni aniqlash juda qiyin. Ehtimol marhumni tepgan bolani koʻproq ayblarsiz. Aynan shu bola janjalni boshlamagan, urushayotganlarni tamosha qilib turganida behos musht yeb, beihtiyor tepib yuborgan boʻlsa-chi? Tergov va sud jarayonida maktab va mahalla tomonidan yozib berilgan tavsifnomalarga e’tibor beriladi. Qamalishi ehtimoli mavjud har bir bolaning ruhiy olami, oilada va maktabda oʻzini tutishi, qiziqishlari esa alohida oʻrganilmaydi. Militsiya tavsifnomalarga, guvohlarning koʻrsatmalariga, soʻroq natijalariga asoslanadi, sud uchun esa tergovchining xulosasi asosiy manba boʻladi. Bu oʻrindagi bizning taklifimiz ajablanarli, hatto aqlga sigʻmas boʻlib koʻrinishi mumkin. Sud yoki tergovchining har bir bolani oʻrganishga vaqti yoʻq, buni himoyachilar bajarsin, deyishingiz ham mumkin. Buni rad etmaymiz. Biroq, himoyachining shugʻullanishi boshqa masala, himoyachining fikrlari hamisha ham haq gap sifatida inobatga olinavermaydi. Ikkinchi tomondan biz jamiyatimizning ertasi boʻlmish oʻsmirlarning taqdirini hal etyapmiz, shunday ekan, bu muammoni adolatli ravishda yechishda barcha mas’uldir.

Achinarli jihati shundaki, oʻsmirlarga xos jinoyat turlari oʻrganilsa, mayxoʻrlik oqibatida qilingan jinoyatlarga ham duch kelinadi. Yanada achinarlisi shuki, ayrimlar hali oʻsmirlik olamiga kirmasdan avvalroq aroqxoʻrlikni boshlab yuboradilar. Abu ad-Dardo (roziyollohu anhu) rivoyat qilgan sharafli hadisda janob paygʻambarimiz salollohu alayhi vasallam marhamat qiladilarki: «Mast qiladigan harom ichimliklarni aslo ichma, chunki ular hamma yomonliklarning kalitidir.» Yana bir boshqa hadisi sharifda janob paygʻambarimiz «Xamr (ya’ni mast qiluvchi achitilgan ichimlik) yomonliklarning onasidir»,- deb ta’riflaganlar. Mayxoʻrlikni Olloh mutlaqo xarom etgani (ya’ni t’qiqlagani), Qur’oni karimda bu xususda oyati karimalar mavjudligi koʻpchilikka ma’lum boʻlsa-da, amal qilinmasligi afsusli holdir. Yaratgan Tangri Qur’ondan avval nozil qilgan muqaddas kitoblarida ham mayxoʻrlikni ta’qiqlagan. Tavrotning Sulaymoniya qismiga oʻxshash 20-bobida «Sharob sharmanda etadi, muskir janjalkashga aylantiradi. Unga mubtalo boʻlgan aqlli emasdir»,-deyilgan. 23-bobning 20-21- qismlarida esa: «Sarhushlar, vujudini xor qilganlar bilan ulfat boʻlma».-deb aytilgan. Va yana shu bobning 29-35- qismlarida: «Ularning holiga voy, bu shovqin-suron, sababsiz jarohatlar, qizargan koʻzlar kimniki? Sharobdan ajralmaydiganlarniki, uni qidirib yuradiganlarniki. Sharobning qizilligiga, qadahdagi rangiga va ajoyib quyilishiga aldanib qolma!.. Oxir oqibatda ilon kabi chaqadi, koʻzlaring, qalbing yomon narsalarni soʻzlay boshlaydi. Dengizning oʻrtasida yonayotgan kemaning tubida uxlayotgan kabi bir holatga tushasan».-deyiladi. Huddi Tavrot kabi Yuhanno Injilining ikkinchi bobi 8-9- qismlarida bunday deyiladi: «Parvardigor Horunga dedi: «sen va oʻgʻillaring jamoat chodiriga kirganingizda sharob va muskir (mast qiluvchi) ichadiganlardan boʻlmangiz.» Bu misollarni keltirishimizdan maqsad, mayxoʻrlik faqat musulmonlarga emas, barcha insoniyatga ta’qiqlangan. Jamiyatimizdagi ayrim odamlar buni yaxshi anglab yetmaydilar va tarbiyalaridagi farzandlariga tushuntira olmaydilar.

Kishini afsuslarga soladigan yeri shundaki, bu sohadagi tarbiyani ancha kech boshlaymiz. Ayrim bolalarga chekishning zarari haqida tushuntirishga urinayotgan paytimizda ular chekish nima ekan, ichkilikning kayfini totishga ulgurgan boʻladilar. Bunga faqat koʻchaning yomon ta’sirini sabab qilib koʻrsatmaslik kerak. Asosiy sababni oʻzimizdan, baodob, tarbiyali hisoblanmish odamlardan ham izlab koʻraylik. Toʻylarda, turli ziyofatlarda dasturxonni arogʻu kon’yaklar bilan toʻldiruvchi kim? Koʻcha bezorilari emasdir, a? Bolalarning koʻz oldida ichuvchi, mast-alast holda aljirovchi, behayo qiliqlar qiluvchilar-chi? Bu bemazagarchiliklarni norasidalar kuzatib turgani hech oʻylab koʻriladimi? Kattalardan qolganini tatib koʻrishlari-chi? Oʻsmirlar mayxoʻrlikka koʻproq shunday joylardan kirib keladilar.

«Badmast ulfat - davraga kulfat», deb bejiz aytmaganlar. Oʻsmirlar jinoyat qilgan paytlarda koʻpincha badmast boʻladilar. Mastlik chogʻida hatto kattalar ham oʻzlarini boshqara olmaganlaridan keyin hali jismonan yetilmagan oʻsmirning ahvolini gapirib oʻtirmasak ham boʻladi. Ma’lumotlarga koʻra, oʻsmirlar olamidagi jinoyatning 70 foizi aynan shu badmastlik oqibati ekan. Qotil oʻsmirlarning yarmidan koʻprogʻi jinoyat qilayotganlarida mast boʻladilar.

J. ismli oʻsmir 17 yoshida qurilishga ishga kirdi. Hunar oʻrgana boshladi. Hunarga qoʻshib mayxoʻrlikni ham oʻrgandi. Oqibat shu boʻldiki, bu sohada ustozlaridan ham oʻtdi. Ishdan ketdi. Endi nafsini qondirish uchun nima qilish kerak? Oʻgʻrilikdan oʻzga chorasi bormi? U atrofiga 15-16 yoshli oʻsmirlardan yettitasini toʻpladi-yu, bosqinchilikni kasb etdi. Ular asosan oziq-ovqat doʻkonlarini bosardilar. Toʻqqizinchi bosqinda qoʻlga olingunlariga qadar maishatdan boʻshamadilar. Hali oʻn sakkizga toʻlmagan J. bu vaqtga kelib kunda ichmasa chidolmaydigan xastalikka yoʻliqib boʻlgan edi.

Oʻsmirlarning jinoyatlari oʻrganilganda mana bu holatning guvohi boʻldik: odamlarning uylariga oʻgʻirlikka tushganlarning 24-30 foizi mast boʻlgan, davlat mulkini oʻgʻirlaganlarning 42-45 foizi, bezorilik bilan qoʻlga olinganlarning 75-95 foizi, bosqinchilarning 60-70 foizi, talonchilarning 60-70 foizi, nomusga tegishda ayblanganlarning 50-66 foizi, tan jarohati yetkazgan mushtumzoʻrlarning 90-100 foizi badmast boʻlgan.

Bir xonadon sohibi badmastlikni kasb qilib olgan. Kun yoʻq-ki, ichmasa. Topganini sovuradi. Koʻp hollarda hamshishalarini boshlab kelib, uyda maishat qiladi. Xotini ortiqcha bir soʻz aytib yuborsa, doʻpposlaydi. D. ismli bola ana shunday sharoitda ulgʻaydi. Bunaqa sharoitda ikkidan biri boʻladi: birinchi boʻlimda qisman aytganimizday, ichkilikka, zoʻravonlikka qarshi kuch uygʻonishi va oʻzi ichmay, ichganlardan hazar qiladigan, ayollarni oʻzi urmay, urganlardan nafratlanadigan tarzda yashashi mumkin. Afsuski, bunaqasi kamroq uchraydi. Ikkinchi yoʻl - «ota oʻgʻil» sifatida shu yaramas yoʻldan yurish. D. shunday toifadan edi. Otasining maishatidan keyin shishalarda qolgan ichimliklarni ichib, mayxoʻrlikni oʻrgandi. Soʻkib gapirishni odat qildi. (Shirinsoʻzlikni unga kim oʻrgatsin?) Kunlardan bir kun shirakayf holatda uyga qaytib, yana er-xotin janjaliga guvoh boʻldi. Otasi odati boʻyicha mushtini, tepkilarini ishga solganida uni tinchitishga urindi. Badmast ota endi oʻgʻilga yopishdi. D. otasiga nisbatan nimjonroq edi. Unga kuchi yetmadi. Oqibat oshxonadagi pichoqni olib chiqib, otasining qorniga sanchdi. Qotillik qasddan qilinmadi. Aytarsizki, D. oʻzini himoya qildi, uni jazolamaslik lozim. Fikringizga qoʻshila olmaymiz. Chunki bu holatda ota oʻgʻlini oʻldirish qasdida boʻlmagan, D. oʻzini himoya qilish uchun pichoq koʻtarmagan. U mast boʻlgani, gʻazabini jilovlay olmagani uchun otasini oʻldirgan. Ehtimol pichoqqa yugurganda otasini qoʻrqitmoqchi boʻlgandir, «otam pichoqni koʻrib shashtidan tushar», deb oʻylagandir. Agar mast boʻlmaganida shunday poʻpisa bilan cheklanardi. Biroq, mastlik uning hushini oʻgʻirlagan, oʻzini boshqara olish quvvatidan mahrum etgan edi. Otani oʻldirganlarni «padarkush» deydilar. Bu holatda D.ni shunday atash mumkinmi? Qisman mumkin. Agar ota mayxoʻr emas, ongli, baodob boʻlganida edi, janjalni D. boshlab, uni oʻldirganida edi, «padarkush» deb atasak yarashardi. Ota oʻgʻildan oʻlim topmoqlikka oʻzi xaridor boʻldi, bu oʻlimini oʻzi arzongarovga sotib oldi. U-ku, oʻlib ketdi, bundaylarning boridan yoʻgʻi yaxshi, deydilar. Biroq, zurriyodining hayotini ham zaxarlab ketdi, ana shunisi chatoq!

Rossiyada, Yangi yil kuni tashvishli voqea yuz beribdi. Bir kishi Qorbobo kiyimida koʻchaga chiqqan ekan. Yarim kechada 15-16 yoshlardagi uch oʻgʻil va uch qiz bolaga duch kelibdi. Oʻsmirlar hammasi badmast, koʻchani boshga koʻtarib shovqin solganlari uchun «Qorbobo» «Kech boʻlib qoldi, uylaringga boringlar», deydi-yu, baloga qoladi. Avval oʻgʻil bolalar, soʻng qizlar unga tashlanishib, tepkilab oʻldiradilar. Jinoyatga aralashgan qiz bolalarni atayin ta’kid etdik. Afsuslanmasdan ilojimiz yoʻq-ki, yigirmanchi asrda tarqagan vabolardan biri - aynan yosh qizlar orasida mayxoʻrlikning koʻpayib borishidir. Yevropada 14-15 yoshli qizlarning badmastlikka mayl qoʻyishlari oʻtgan asrning soʻnggi oʻn yilligida qariyb ikki martaga oshgan. Agar avvalroq qizlarning mayxoʻrligi asosan 15 yoshdan keyin kuzatilgan boʻlsa, mayxoʻr qizlar ancha yosharishdi - 13-14 yoshlardagi qizlar ham militsiya nazoratiga oʻtishdi.

Ozodlikdan mahrum etilgan oʻsmirlarning elliktasi bilan suhbatlashilganda shularning 12 foizigina ichmasligini aytdi. 48 foizi doimiy emas, unda-bunda icharkan. 40 foizi esa doimiy ravishda ichgan. Bolalar koloniyasining xizmatchilari biz bilan suhbatlasha turib farzandlarini yoʻqlab keluvchi ayrim ota-onalarning aroq tashlab ketishga urinishlarini afsus bilan gapirib berishdi. Chindan ham afsuslanarli hol. Bular qanday nodon ota-onalarki, bolalarini bu yerga boshlab kelgan narsaning aynan shu aroq ekanini fahm etmasalar? Ular tashlab ketgan aroq egasiga yetib bordi, deb faraz qilaylik. Uni ichib olib, mastlikda yana bir jinoyat qilsa, uch yillik qamoq muddati yana oʻn besh yilga koʻpaysa, aybdor kim boʻladi?

Giyohvandlikning jinoyatni tugʻdirishi haqida butun dunyo tashvishlanib gapiryapti. Oʻsmirlarning bu baloga tortilishi chindan ham har qanday jamiyat uchun bir ofatdir. Xumor tutib, talvasaga tushgan (koma) paytida giyohvand bir necha gram qora dori evaziga oʻz onasini oʻldirishdan ham toymaydi.

Bolalar koloniyasidagi bir guruh tarbiyalanuvchilardan «nasha tortganmisiz?»-deb soʻraganimizda ularning 34 foizi «ha»,-deb javob berishdi. Bolalar va oʻsmirlar orasida giyohvandlikdan tashqari «taksikomaniya» degan balo ham mavjud. Giyohvandlik ma’lum mablagʻni talab qilsa, taksikoman ozroq pul bilan mast boʻlishi mumkin. Masalan, bir-ikki shisha pivo ichadi-da, soʻng boshini tsellofan xalta bilan burkab, oʻtkir hid tarqatuvchi benzinmi yo pashsha dori - dixlofosnimi hidlaydi. Shu tarzda kayf qiladi. Bu kayf oqibatda zaharlanish, hatto oʻlim bilan ham tugashi mumkin. Koʻp qavatli uylarning, hatto ayrim maktablarning yertoʻlalari va shunga oʻxshash xilvat joylar giyohvand va taksikomanlarning rohatbahsh maskaniga aylanib qolish ehtimoli bor. Shu boisdan ham hilvat joylarni nazoratdan chetda qoldirmaslik zarur.

Biron bolaning giyohvandga aylanib qolganini eshitsak, afsuslanib: «shunday aqlli bola ularga qanday aralashib qoldi?»- deymiz. Giyohvand toʻdalar faqat oʻzlari kayflanib qolmasdan oʻzgalarni ham bu yoʻlga tortishga harakat qiladilar. Giyohvand moddalarni sotuvchilar saflariga yangi bolani tortganlarni bepul qora dori berish bilan ragʻbatlantirib turadilar. Bu safga qoʻshilib qolish esa uncha murakkab emas. Giyohvandlik haqidagi hujjatli filmga stsenariy yozish uchun ma’lumotlar toʻplayotganimda koʻpgina kutilmagan voqealarga guvoh boʻlgan edim. Mana, shulardan biri: yuqori sinf oʻquvchilari maktabni bitirish oldidan togʻ sayriga chiqadilar. Bolalardan biri nasha oʻrab chekib, boshqalarni ham da’vat etadi. «Nima boʻlarkin?»-degan qiziqish bilan ayrimlar, jumladan, qizlar chekib koʻrishadi. Giyohvandlik olamining eshigini ochish uchun shu birgina chekish ham kifoya qiladi. Kamdan kam bolalar keyingi chekishdan oʻzlarini toʻxtatib qola oladilar. Oʻsha togʻdagi qiziqish bilan chekish I. ismli qizni oʻziga bandi qilib oldi. U asta-sekin giyohvandga aylandi. U yaxshi oʻqirdi. Oliy oʻquv yurtiga oʻqishga kirdi. Ammo ikkinchi yili tashlab ketdi. Turmushga chiqdi. Farzandlari oʻlik tugʻilavergach, turmushi ham buzildi. Qoradoriga pul topish maqsadida oxiri oʻgʻrilarga qoʻshildi. Shu tarzda gulday umr xazon boʻlishi mumkin edi. I. kech boʻlsa-da, esini yigʻib oldi. Davolana boshladi. Ba’zilar ashaddiy giyohvandlarni davolab boʻlmaydi, deb hisoblaydilar. Bu xato fikr. Toʻgʻri, davolanish juda qiyin va uzoq davom etadigan jarayon, lekin noumid qaramaslik kerak. Giyohvandni davolash uchun dori-darmonlarning oʻzi kifoya qilmaydi. Bu borada yana ikki muhim omil bor: biri - bemordagi iroda kuchi, ikkinchisi - atrofidagilarning, ya’ni siz bilan bizning unga nisbatan mehr-shafqatli boʻlishimiz. Undagi irodaning kuch olishiga siz bilan bizning xayrixoxligimiz juda muhim. Ham jismoniy ham ruhiy azoblarni yengayotgan bemor yonida mehribonlarning turishi zarur ahamiyat kasb etadi.

Uni ayblash, tanqid qilish ma’nosidagi gaplar, uzundan uzoq nasihatlar, «giyohvand boʻlib nima orttirding?» kabi dashnomlar uni battar ezadi. Irodasini battar parchalaydi. Mayxoʻrni mayxoʻrlar, giyohvandni giyohvandlar oʻz bagʻrilariga mamnuniyat bilan olishdi, biz nima uchun ularni koʻkraklaridan itarishimiz kerak? Nega botqoqdan tortib olishga harakat qilmaymiz? Toʻgʻri, hamma ham shunday emas, barchani birday ayblamoqchi emasmiz. Lekin mayxoʻr va giyohvand oʻsmir uchun asosan uning ota-onasi va yaqinlari qaygʻuradilar. Da’voimizni oʻzgacharoq tarzda ifoda etaylik-chi: mayxoʻr yoki giyohvand oʻziga yetti yot begona bolani bagʻriga oladi. Biz-chi, biz yetti yot begona bolani bu botqoqdan tortib, oʻzimizning bagʻrimizga olishga urinamizmi?

Togʻdagi nasha chekish voqeasini bekorga eslamadik. Birinchi marta totib koʻrish turli oʻsmirlarda turlicha holatda boʻladi. Ularning koʻproq qismiga giyohvandlarning hayoti ozod va erkin, totli va huzurbahsh koʻrinadi.Mana shu aldamchi his, yoki havas ularni bu olamga tortib keladi. Yana ma’lum bir qismi davradagilar qoʻrqoq demasliklari uchun birinchi marta totib koʻradi. Boshqa bir toifa esa giyohvandlar maqtagan kayf-safodan bahramand boʻlish istagiga boʻysunib qoladi. Suhbatlashilgan giyohvandlarning har ikkidan biri oʻrtoqlari oldida uyalib qolmaslik uchungina nasha chekishni boshlaganlarini aytishdi. Davolanayotgan giyohvandlar bilan suhbatlashilganda ularning 25 foizi koʻchada, ulfatchilikda oʻrganganlarini bildirishdi. 12 foizi diskotekada orttirgan tanishlaridan oʻrganganini, yana bogʻda sayr qilib yurib, toʻdaga duch kelganini yoki yotoqxonalardagi tanishlari taklifi bilan totib koʻrganlarini aytishdi.

(Jinoyatchilar haqida gapirganimizda «oʻsmir» deb asosan oʻgʻil bolalarni nazarda tutyapmiz. Bunga sabab jinoyatchilarning oʻndan toʻqqiz qismini oʻgʻil bolalar oʻndan bir qisminigina qizlar tashkil etadi. Avvallari qizlarning asosiy qismi chayqovchiligi yoki oʻgʻriligi uchun qamalardi. Hozir jinoyat turlari oʻzgardi. Endi «chayqovchilik» deb atalmish jinoyat turi yoʻq. Oldi-sotdi erkin tarzda. Hozir qizlar oʻgʻirligi yoki oʻgʻrilarga sherikligi, tovlamachiligi, giyohvandligi yoki giyohvand moddalarni sotish bilan shugʻullanganligi kabi jinoyatlari uchun ozodlikdan mahrum etiladilar. Ular orasida ogʻir jinoyatlar juda kam, yoʻq darajada desak ham boʻladi.)

Jinoyatchilar orasida ruhiy xastalar ham uchraydi. Ular qamalmaydilar, maxsus muassasalarda davolanadilar. Mayxoʻr va giyohvand jinoyat qilayotgan paytida ruhiy xastadan farqlanmaydi. Ammo ruhiy xastalarning kasalligi tabiatdan, mayxoʻr va giyohvandlar esa oʻzlarini oʻzlari majburlab shu holga olib keladilar.

Oʻsmirlarning ruhiy holatini tibbiy koʻrikdan oʻtkazish ancha mushkul masala. Agar biron ota-onaga «farzandingizni psixiatr koʻrigidan oʻtkazing», desangiz ular «nima, mening bolam jinni ekanmi?» deb ranjishlari tabiiy. Oʻsmirlik olamiga oʻtayotgan boladagi biologik oʻzgarishlarni aytgan edik. Ruhdagi oʻzgarishlar ham ana shuning natijasi oʻlaroq yuzaga keladi. (Tibbiy tilda buni «ruhning parchalanishi» deb nomlanishini aytdik.) Bir maktab oʻquvchisining yurish-turishi, gap soʻzlarida oʻzgarish seziladi. U dugonalariga ham, muallimlariga, hatto ota-onalariga ham qoʻpollik qila boshlaydi. Oʻqish haqida oʻylamay qoʻyadi. Tibbiy sohadan bir oz bilimi boʻlgan muallima qizning ota-onasiga uni psixiatr vrachga koʻrsatishni tavsiya qilganida avval baloga qolay deydi. Qizning fe’l-atvori yomon tomonga qarab oʻzgarib boravergach, ota-ona noiloj vrachga uchraydilar. Tajribali psixiatr oʻsmir qizdagi oʻzgarishning sababini aniqladi. Ma’lum boʻlishicha, qizchaning oshqozon va ichagida xastalik yuz ocha boshlagan. Buning oqibatida u jinsiy jihatdan balogʻatga yetish bobida dugonalaridan ortda qolgan. Oʻgʻil bola ham, qiz bola ham bunaqa paytda ruhan tushkunlikka tushadi. Ulardagi ruhning parchalana boshlashiga ichki kasallik ham ta’sir koʻrsatishi mumkin. Shuningdek, oiladagi nobop holatlar, ya’ni er-xotin janjallari, erning xotinni doʻpposlashi kabi voqealar ham bola ruhiyatiga salbiy ta’sir koʻrsatadi. Bolaning ruhiyatida oʻzgarish boʻldi, degan gap vrach tomonidan darrov jinnixonaga yotqiziladi, degani emas. Psixiatrdan tashqari ruhshunos (psixolog) degan mutaxassislar ham bor. Koʻpgina oʻsmirlarga aynan ularning yordamlari zarur boʻladi. Afsuski, ota-onalar ularga ham kam murojaat qiladilar. Kunlari folbinlarga yugurish bilan oʻtib, vaqtni boy beradilar.

K. ismli bola ham ota-onaning be’etiborligi oqibatida jinoyat koʻchasiga beihtiyor kirdi. Buni ilmiyroq ta’birda: «ihtiyorida boʻlmagan, boshqarishga qurbi yetmagan ruhiy kuch ta’sirida jinoyat qildi», desak ham boʻladi. K. bolalik chogʻidayoq aqlan zaifligi bilan tengdoshlaridan ajralib turardi. Hozir oʻqishni eplay olmagan bolalar sinfda qoldirilmaydi. Har qanday sharoitda ham unga «uch» baho qoʻyib boʻlsa-da, sinfdan sinfga oʻtkazadilar. Ilgari bunday emasdi. Bir sinfda ikki hatto uch yil oʻqiydiganlar uchrardi.

Ularning aksari dangasaligi uchun emas, aqlan zaifligi uchun darslarni oʻzlashtira olishmasdi. Ota-ona va oʻqituvchilar esa uni zoʻr berib yaxshi oʻquvchiga aylantirishga urinaverishardi. Hozir beshinchi-oltinchi sinfga qadar ham muallimlar bunday bolalarni chidam bilan oʻqitaveradilar. Tasavvur qiling: harf taniy olmagan bola oltinchi sinfda oʻqisa?! K. ham shunday edi. Muallimlar uning aqlan zaifligini sezishardi, ota-onasiga tushuntirishga harakat qilishardi, biroq, ular «mening bolamni jinniga chiqaryapsanlarmi?»- deb janjal koʻtarishardi. Ular hatto alohida muallimlar yollab K.ni qoʻshimcha ravishda oʻqitishdi. Foyda boʻlmadi. Ular «dushmanlarimiz bolamizni duo bilan bogʻlab tashlashgan»,- deb folbinlardan moʻ’jiza kutishdi. Toʻgʻri, K. jinni emas edi. U faqat atrof muhitni aqlan tanishda gʻoyat sust edi. Koʻrganini tahlil etish, xulosa chiqarish qobiliyatidan mahrum edi. Shu bois biron notoʻgʻri ish qilayotganini oʻzi anglab yetolmasdi. K. ota-onalarining istagi bilan sakizinchi sinfni bitirdi. Soʻng uni ishga joylashdi. K. dastyorlikni ham eplab bajarolmasdi. U yoshi kattaroq ishchilar uchun ermak edi. Uni masxaralab kulardilar. Ba’zan masxara boʻlayotganini anglab, achchiqlanardi. Ba’zan esa odamlarning nima sababdan kulayotganlarini bilolmay ajablanardi. Oqibat shu boʻldi-ki, K. doimiy masxaralanayotgani uchun ularni jazolashga ahd qildi. Jazoni oʻzi belgiladi. Ishxonadagilar uchun ermak boʻlmish magnitolani oʻgʻirladi. Esi butun odam bu ixcham magnitolani kunduz kuni ham olib ketishi mumkin. Chunki ishchilarning dam oladigan xonasi hamisha ochiq boʻladi. K. esa kechasi kelib, eshik qulfini buzdi. Buyumni olib chiqib ketayotganida qorovul uni toʻxtatdi. K. esa guvohdan qutulmoqchi boʻldi. Bu ishda K. aybdor deb topildi. Undagi ruhiy xastalik jinoyatga yetaklovchi sabab, degan xulosaga kelinmadi. Buni biz elektr lampochkaga qiyoslaymiz: buragichni burasangiz, lampochka oʻchadi. Ruhiy xastalik ham shunday. Ma’lum muddatda ongi tamoman xiralashadi, roʻparasidagi oq-qorani ajrata olmaydi. Keyin esa lampochka yorishgani kabi odatdagiday yashayveradi. Agar K.ning aqli raso boʻlganida qorovulning joniga qasd qilmasdi. «Shu magnitofon zarur boʻlib qoldi, ertaga olib kelaman»,- deb ketaverardi. Qorovul ham «sen oʻgʻirlik qilding»,- deb yoqasidan boʻgʻmagan edi. Ammo, nailoj, ruhiy kasalliklarga doir fanning bu masalalarga qarashi oʻzgacha. Shunday ekan, ruhan xastaligi sezilgan oʻsmirlarni nazardan qochirmaslik kerak. Ularning har bir harakatlari, gaplari ota-ona, qarindosh-urugʻning e’tiborida turmogʻi lozim. Ularni masxaralab kulish ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini unutmaslik shart.

Aqlan zaiflarni xalqimiz orasida turlicha nomlaydilar: tentak, ahmoq (aqlsiz), telba, merov, devona, jinni. (Yoki devonasifat, jinnisifat...) Tibbiyot sohasida ham buni turlarga ajratib oʻrganadilar, jinoyatga doir holatlarda ana shu turlar inobatga olinadi. Bu sohada «shizofreniya» (aqlan zaiflikning, boshqacha aytganda ruh parchalanishining boshlanishi) deb nomlanmish xastalikning bolalikka xos ekanini unutmaslik kerak. Mutaxassilarning aniqlashlaricha, bu xastalik qizlarga nisbatan oʻgʻil bolalarda uch marta koʻproq uchrarkan. Bu dalil kimlarga koʻproq e’tibor bermoq lozimligini koʻrsatadi. Kattalar mazkur xastalikning dastlabki davriga e’tiborsiz qaraydilar yoki buni bolaning injiqligi, tarbiyasizligi yoki asabiyligi natijasi, deb oʻylaydilar. N. ismli qizning taqdiri ham shunday boʻlgan. 12 yoshiga qadar yaxshi oʻqib, yaxshi yurgan qizcha dastlab injiqlik boshlangan. Ota-onasi buni oʻsmirlikka oʻtish jarayonining alomati, deb hisoblashgan. Keyin gapga quloq solmaslik, gapga ters javob qaytarishlikka oʻtilgan. Keyin asabiy ravishda qoʻliga nima tushsa otib yuborish boshlangan. Uning kulib yuborishi ham, asabiylashishi ham oson boʻlib qolgan. Maktabda hatto bolalar ham undan qoʻrqadigan boʻlib, «psix» deb laqab qoʻyib olishgan. Maktab undan tezroq qutilish choralarini izlagan, u «bezori» sifatida militsiya nazoratiga ham oʻtkazilgan. Lekin militsiya uning hatti-harakatida jinoyatga moyillikni sezmagani uchun jiddiy e’tibor bermagan. N. 16 yoshga toʻlganida otasi vafot etgan. Otadan ajralgani haqidagi xabarni mutlaqo hissiz ravishda qabul qilgan. Gʻassol ish boshlamay turib «otang bilan xayrlashib ol», deb chaqirishganda oʻlikka qarab turib kulib yuborgan. Birov «jinni boʻlib qolibdi», degan, boshqasi «oʻtkinchi holat», deb hisoblagan. 17 yoshga toʻlganida diskotekada tasodifiy tanishgan yigitga onaning rizoligisiz, toʻysiz erga tegadi. Oradan koʻp oʻtmay ajralishadi. Onasining gaplariga mutlaqo quloq solmaydi. Batafsil bayonimizdan sezayotgan boʻlsangiz kerak, oddiy injiqlik koʻrinishida boshlangan xastalik asta-sekin kuchayib boryapti. Uning soʻng nuqtasi shu boʻldiki, onaning navbatdagi nolishidan bezib uni boʻgʻib oʻldiradi. Keyin murdani joyiga yotqizib qoʻyadi. Shunda oʻlik unga qarab kulganday tuyuladi. N. oshxonadan boltani olib chiqib, kallani chopadi.

Keyin charchaganday boʻlib, yotib uxlaydi. Uyqudan turgach, boshi chopilgan onasini koʻrib dahshatga tushadi-da, militsiyaga yuguradi. U tergov paytida ham, sud jarayonida ham hatti-harakatlarini tushuntirib bera olmadi. Birovlar uning vahshiyligidan dahshatga tushishgan boʻlishsa, boshqalar shu paytgacha xastalikni davolatishga urinilmaganidan ajablanishdi. Sud N.ni maxsus ruhiy shifoxonada uzoq muddatli majburiy davolashga hukm etdi. Endigi davolanish qanday samara berar ekan? Shifo topgan taqdirda ham boshi uzilgan onasining qiyofasini unuta olarmikan?

Ruhiy xastalikka doir tibbiyotda tutqanoq, manikal-depressiv psixoz, miyaning lat yeyishi oqibati, turli kasalliklarning asorati hisoblanmish entsefalit kabi oʻnlab turlari mavjudki, bularning aksari bolalikda boshlanadi va mutaxassislarning fikricha, muolaja vaqtida boshlansa yomon oqibatlarning oldi olinishi mumkin.

Matbuotda bir jinoyat tafsilotini oʻqib qoldim. Unda bir yigitchaning oʻz kennoysini oʻldirishi tafsiloti berilgan. Qotil jinoyat sodir boʻlishidan ancha avval boshidan jarohatlangan ekan. Shundan keyin bosh ogʻrigʻidan shikoyat qilib yuravergan. Sud jarayonida u tibbiy tekshiruvdan oʻtganda ruhiy kasallik yoʻq, deb xulosa berishgan. Ularning ta’kidlashlaricha, qotil kennoyisini dazmol bilan urishdan oldin uni elektr tokidan uzgan, murdaning ustidan qaynab turgan shoʻrvani quyishdan avval gazni oʻchirgan, uydan chiqishda eshikni qulflagan. Tibbiy tahlil buni esi sogʻlikning belgisi, deb belgilagan. Biz bu borada ular bilan bahslashmaymiz, qotilni koʻrmaganmiz, u bilan suhbatashmaganmiz. Lekin boshining jarohatlanishi tufayli xastalikdan nolib yurishi bejiz boʻlmagandir. Kennoyisi bilan janjalni boshlaganida ehtimol, esi sogʻ boʻlgandir. Ammo asabiylasha boshlagach, undagi ruhning parchalanishi tezlashgan, nima qilayotganini oʻzi ham bilmay qolgan boʻlishi ham mumkin. Chunki ongi xiralashmagan holatida kennoyisini dazmol bilan ura boshlasa, uning joni chiqqanini koʻrgach, qoʻrquv talvasasiga tushadi. Murdaning ustiga qaynab turgan shoʻrvani agʻdarishi uning ayni oʻsha onlarda xastalikka bandi boʻlganini bildirmasmikin? Bunday xastalik doimiy davom etmaydi. Buni xalqda «jinniligi (yoki kasalligi) tutib qoldi», deb ham ataydilar. Qotil bilan kennoyi orasidagi janjalni keltirib chiqargan yana bir omil boʻlishi mumkinki, bu haqda yana bir jinoyat tafsilotini bayon qilgach, fikrlashamiz.

Biz qaynona-kelin munosabatlari haqida koʻp gapiramiz. Ammo qayni (yoki qaynogʻa) - kelin orasidagi munosabat e’tiborimizdan chetda qoladi. Agar qayni yosh bola boʻlsa kennoyisi uni oʻz ukasiday koʻrib, mehribonlik qiladi. Yosh qayni ham kennoyisini oʻz opasini yaxshi koʻrganday izzat qiladi. Lekin oʻsmirlik olamiga kirgan qaynida oʻzgacha xis uygʻonishi ehtimoli ham bor. Buni «orada shayton bor», deydilar. Tibbiy tilda aytilsa, oʻrtada hirs degan jilovlanmas tuygʻu bor. Aka va uka yigirma yilning nari-berisida hamisha birga boʻladilar. Xatto bir xonada yotib-turadilar. Aka uylangach, uka yolgʻiz qoladi. Kech tushganda kelin-kuyovning yotoqlariga kirib ketishlari oʻsmir ruhiga sezilarli ta’sir etadi. U tuni bilan toʻlgʻonib, uxlamay chiqishi ham mumkin. Bunaqa paytda uning ongini hirs zaxarlay boshlaydi yoki akasidan ayirib qoʻygani uchun kennoyisidan nafratlandi. Boshqacha aytsak, oʻziga xos rashk paydo boʻladi.

Dam olish kuni aka ukasiga pul berib, pivo oldirib keladi. Akaning mehribonligi tutib, ukasini ham pivo bilan siylaydi. Suhbatlashib oʻtirib gap kennoyisiga borib taqalganda, uka «xotiningni xaydab yubor, oyimni hurmat qilmaydi», deydi. Ma’lumingizkim, xonadonda qaynona-kelin orasida janjal chiqsa, qayni hamisha kennoyisiga qarshi turadi. Onasining nohaqligini bilib tursa ham, uning yonini oladi. Pivodan sarxush ukaning talabiga faqat onaga boʻlgan behurmatlik sabab emasdi. Asosiy sabab - yuqorida zikr etganimiz ruhiy holat edi. Ammo bu ichki sirning hech zamon sirtga chiqarilmasligi ham ma’lum narsa. Xullas, aka-uka orasida janjal boshlanib, uka panshaxani akasining koʻksiga sanchadi. Jinoyat sodir boʻlgandan keyingina ota-ona «bolamda ruhiy kasal boʻlsa kerak, boʻlmasa akasini oʻldirarmidi», deb da’vo qilishadi. Biz barcha qaynilar kennoyisiga nisbatan shunday munosabatdalar, degan da’vodan yiroqmiz. Biroq, ota-onalar bu masalaga e’tiborsiz qaramaganlari ma’qul, deb hisoblaymiz. Ayniqsa yigitchalarning kennoyilari bilan bir uyda yolgʻiz qolishlariga yoʻl qoʻyilmagani ma’qul. Chunki orada oʻsmir ruhini osongina parchalashga qodir shayton alayhila’na bor...

Shahardagi jinoyat bilan qishloqdagisini ayri-ayri holda tahlil etmoqlik talab qilinadi. Shaharda oʻsmirning jinoyat koʻchasiga kirishi osonroq. Shaharda jinoyat qilish uchun ham, uning izini yopish uchun ham sharoit qishloqdagidan yaxshiroq. Shaharda oʻsmirning nazoratsiz boʻsh vaqti koʻp, qishloqdagi oʻsmir bu imkoniyatdan mahrum. Shaharda koʻcha «zoʻr»lari, nashavand, giyohvand toʻdalari yetarli, Oʻsmir ba’zan oʻzi istab, intilib, ba’zan beihtiyor ravishda ularga qoʻshiladi. Qishloqda bu imkoniyat ham cheklangan. Shu kabi sabablar tufayli shaharda jinoyatchilik qishloqdagidan koʻra koʻproq. Jinoyat turlarida ham sezilarli farq mavjud. Qotillik, nomusga tegish, katta miqdordagi oʻgʻirlik yoki bosqinchilik qishloqda kamroq uchraydi. Qamalib chiqqan yoki boʻysunmas oʻsmirni qishloqda nazorat qilish osonroq. Koʻpchilikning nazoratida ostidagi oʻsmirni jinoyat koʻchasining ostonasida ushlab qolish imkoniyati mavjud.

Avvaldan puxta oʻylangan, rejalangan jinoyatlar ham qishloqda kamroq uchraydi. Bu yerdagi jinoyatlarning koʻpi tasodif tufayli boʻlishi mumkin yoki kattalar tomonidan uyushtiriladi. Toshkent yaqinidagi shaharchada ikki oʻsmir telefon kabelini kavlab oʻgʻirlayotganda qoʻlga tushishadi. Ularni kattalar ishga solgani shubhasizdir. Ular oddiy narsani - kabelning bir yeri kesilsa oʻsha zahoti kuzatuvchilarga signal berilib, ma’lum boʻlishini bilmaganlar. Shuningdek, davlatga toʻrt million soʻm (toʻrt ming dollar atrofida) zarar keltirganlarini xayollariga ham keltirmaganlar. Bu ishga da’vat qilgan kattalar ularga oʻn dollar va’da qilganlar. Oʻsmirlar kabeldagi mis va qoʻrgʻoshin qoplamalar eritilib, sotilishidan ham bexabar boʻlganlar. Nazoratchilar yetib kelishganda oʻsmirlardan biri qochgan, qoʻlga tushgani esa «kabelni bir oʻzim olyatuvdim»,- deb turib olgan. «Nima uchun belkurak ikkita edi?»- degan savoldan keyingina sherigini aytgan. Shunda ham ish buyuruvchilarning kimligini aytishmagan. «Bozorda koʻruvdik, tanimaymiz»,- deb turib olishgan. Kattalar oʻn dollar va’da qilishganda ishning bu tomonini pishiqlab qoʻyishgani aniq. Oʻsmirlarning ota-onalari uchun bu jinoyat arzimas gapday tuyulgan. Kabelni kavlabdi, kesibdi... Shunga shunchami? Bolalikda bunaqa bevoshlik boʻlib turadi-da. Moddiy zarardan tashqari agar oʻsha aloqa vositasi mudofaa ahamiyatiga ega boʻlsa-chi? Yoki kasalxonalar ma’lum muddat aloqasiz qolgan boʻlishsa-chi? Shu tufayli bemorga vaqtida yordam berilmasa-chi? Ota-ona bularni oʻylamaydi.

Ular birinchi galda bolalarini qamoq jazosidan qutqarib qolmoq tashvishidan boʻladilar. Militsiyadagilarni koʻndirishgach, ular mehribonlik qilib bolalarni qutqarish «yoʻli»ni oʻrgatadilar. Da’vo qiluvchi tashkilot, ya’ni aloqa idorasi «da’voimiz yoʻq», deb ariza bersa, bollarni qoʻyib yuboramiz»,- deyishadi. Shubhasiz, ota-ona shu idora rahbariga uchraydilar, avvaliga yalinadilar, soʻng «Senda vijdon bormi, bolalarni juvonmarg qilasanmi!»- deb koyishadi, ayblashadi. Qarang, ota-ona jinoyat qilgan bolasini emas, jabr koʻrgan idorani ayblayapti. Aytaylik, aloqa idorasi da’vosidan voz kechib, moddiy zararni davlat hisobidan qopladi. Ya’ni ta’mir ishlari davlat hisobidan boʻldi. Bolalar ozod etildi. Ehtimol ular bu ishga boshqa qoʻl urishmas. Lekin ishboshi kattalar boshqalarni da’vat etmaydilarmi? Boshqalar «qoʻlga tushsak baribir qamalmas ekanmiz», deb ishga kirishmaydilarmi?

Oʻsmir hali bola yoshidayoq oʻzini boshqalar bilan taqqoslaydi. Ham husnini, ham kiyim-boshini, ham oila va maktabdagi mavqeini solishtiradi. Bu degani uning qalbida rashk, oʻzining omadsizligidan norizolik uygʻona boshlaydi. Bu illat keyinchalik boshqa bir illatni uygʻotadi uni oʻch olishga undaydi. Oʻch olish avval kichik doirada boʻladi. Masalan, oʻsmirning koʻngil qoʻygan qizini boshqa bir boyroq yoki chiroyliroq yoki e’tiborliroq bola oʻziga qaratib olsa uning adabini berib qoʻyish chorasini izlaydi. Agar jismoniy jihatdan kuchi yetmasa turli pastkashliklardan: chaqimchilik, tuhmat, biron buyumiga yashirinchi shikast yetkazishlardan ham qaytmaydi. Bir koʻchada yashovchi badavlatroq xonadonning koʻchada qoldirgan avtomashinasini kimdir mix bilan chizib tashlaydi. Bu voqea takrorlangach, aybdorni poylab, ushlashadi. Ma’lum boʻlishicha, shu xonadon farzandining sinfdoshi oʻch olish maqsadida shunday qilar ekan. Mayda oʻch olishlar shu bilan tugay qolsa koshki edi. Bu norozilik bola ulgʻaygani sayin kuch toʻplay boradi. Endi ular alohida shaxsdan emas, jamiyatdan oʻch olishni reja qiladilar. Ularni jinoyat olamiga aynan shu illat boshlab kiradi.

Ana shunday omadsizlardan biri oʻziga xos toʻda toʻplaydi. Uning oʻzi oʻqishni yaxshi koʻrsa-da, oliy oʻquv yurtiga kirolmagan, bolalik orzulari xazonga aylangan. Yoniga olgan sheriklari ham shunday: birining sportda, boshqasining musiqada, yana birining tijoratda omadi yurishmagan. Ular oʻzlarini hayotda adolatsiz ravishda jabr koʻrgan hisoblab, omadlilarni jazolashga oʻtganlar. Jazolaganda ayovsiz, shavqatsiz boʻlganlar. Ham talaganlar, ham oʻldirganlar. Ular qoʻlga olinganlarida ma’lum boʻlishicha, toʻdaboshi ichmas, chekmas, ayollar bilan maishat qilmas ekan. Topilgan pulning oz qismi bilan qanoat qilarkan. Holbuki, talonchi va bosqinchi toʻdalarning asosiy maqsadlari - boyish va maishat qilishdan iborat. Toʻdaboshida bunday istak yoʻq ekan. Uning niyati - faqat oʻch boʻlgan.

Oʻtgan asrning oxirrogʻida Rossiyada sodir boʻlgan jinoyatlar shodasi barchani oʻylab koʻrishga da’vat etadi. Oʻndan ziyod qiz-juvonni zoʻrlab, keyin oʻldirib, soʻng esa goʻshtidan chuchvara tugib yegan odamxoʻrning jinoyat yoʻlini ham oʻch-qasos olish istagi belgilagan. Uning onasi suyuqoyoq boʻlgan ekan. Ona uyga erkaklarni boshlab kelganida, u turli bahonalar bilan koʻchaga chiqarib yuborilgan. Aynan shu holatlarda unda avvalo ayol zotiga nafrat, soʻng esa jamiyatdan oʻch olish hissi uygʻongan. Katta boʻlgach esa, u bolalikdagi xayollarini amalga oshirishga kirishgan.

Jamiyat tomonidan beriluvchi jazo masalasini dunyo mamlakatlari oʻzlariga hos tarzda yechadilar. Masalan, Frantsiyada 18 yoshga toʻlmaganlar qamoqqa olinmas ekan. Biz oʻquvchi bolalarni maktabning oʻzida jazolash (Muallimlar tomonidan urish) tarbiyaga toʻgʻri kelmaydi, deb hisoblaymiz. Oʻtmishda qoʻllanilgan bu usulni qoralaymiz. Amerikaning 13 shtatida esa bu masalaga oʻzgacha qarashadi. Bu shtatlarda qabul qilingan qonunga koʻra maktab muallimlari bevosh bolalarni jazolash huquqiga egalar. Bizda esa boʻysunmas bolalarga «koloniyaga berib yuboraman», deb doʻq uriladi xalos. Bunday doʻqdan choʻchib yaxshilik tomon burilgan bolani hali hech kim uchratmagan boʻlsa kerak. Bola bezor qilavergach, maktab ma’muriyati uni militsiya nazoratiga topshiradi. Ammo bu ham yetarli samara berolmaydi. Chunki bolani roʻyxatga olgan militsiya noziri uning har bir qadamini doimiy ravishda kuzata olmaydi, bu - birlamchi. Bolani tarbiyalash bilan mutlaqo shugʻullanmaydi, faqat nazorat qilish bilan cheklanadi bu - ikkilamchi. Uchinchi tomoni shuki, nozir faqat oʻsmirning oʻzini kuzatadi, unga ta’sir etishi mumkin boʻlgan, jinoyat sari yetaklayotgan kattalarni nazorat qila olmaydi.

Angliyada politsiya bola fe’l-atvorini oʻrganishni bogʻchadan boshlar ekan. Bogʻchada oʻyinchoqlarni zoʻravonlik bilan tortib oluvchi, oʻrtoqlarini berahmlik bilan uruvchi, yoki chaqimchilik qiluvchi va shunga oʻxshash yomon illatlarga moyil bolalar roʻyxatga olinib, kuzatib borilarkan. Ehtimol bu toʻgʻri usuldir, oʻrtoqlarini berahmlik bilan uruvchi bola agar toʻgʻri tarbiya qilinmasa kelajakda qotillikdan toymas boʻlib chiqar. Kezi kelganda bizdagi bolalarni nazorat qiluvchi militsiya nozirlari haqidagi fikrimizni bayon qilsak: militsiyaning nazorat roʻyxatiga tushdi, degani bolalarni yomonlikdan oz boʻlsa-da, toʻxtatib turishini tan olmoq kerak. Ammo bu oʻrinda «qanday odam militsiya nazoratchisi boʻla oladi?» degan muammo ham mavjud. Avvalgi boʻlimda toʻgaraklarning rahbarlari birinchi galda tarbiyachi boʻlmoqliklari lozim, degan fikrni bildirgan edik. Shunga koʻra militsiya nazoratchilarining tarbiyachi martabasida boʻlishlari gʻoyat zarurdir. Oʻsmirga doʻq urib «nima qilib yuribsan, ishlayapsanmi yo oʻqiyapsanmi, bekor laqillab yursang qamatib yuboraman», degan bilan ish bitmaydi. Militsiya noziri oʻsmirlar boshi uzra qamchi oʻynatuvchi emas, yaqin, ishonchli, maslahatgoʻy doʻst maqomiga yetmas ekan, uning xizmatidan naf kam. U adashgan oʻsmirga bevoshlik koʻchasidan chiqib ketish yoʻlini koʻrsata oladimi? Yechimi mushkul masala aynan shu yerda. (Bu masalada keyingi bobda alohida fikrlashamiz)

Oʻsmirlarning jinoyat koʻchasiga kiruvlari jamiyatning ogʻriq xastaliklaridan biridir. Sovetlar davrida buni kapitalizmga xos illat deb ta’riflashardi. Sovet jamiyatida oʻsmirlar orasida jinoyatchilikning oshib borishini tan olgilari kelmay, koʻp ma’lumotlarni yashirishardi, yoki kamaytirib koʻrsatishardi. Oqibat shu boʻldi-ki, kasalni yashirganlari bilan isitmasi oshkor qildi. «Boburnoma»da zikr etilganidek:

Hazar kun zi dardi darunhoi resh,

Ki reshi darun oqibat sar kunad,

Baham bar mazan to tavoni dile,

Ki ohe jahone baham barzaad.

(Ya’nikim, ichki yaralar dardidan hazar qil! Chunki ichki yara axir yuzaga chiqadi. Qoʻldan kelganicha har bir dilga ozor berma! Dildan chiqqan bir oh bir jahonni barbod qiladi.)

Donolar bashorat qilganday boʻldi - ichki yaralar yuzaga chiqdi.

Jinoyatning ildizi qaerda? Oʻtmish jamiyat faylasuflari insonni inson tomonidan ezib ishlatilishi, shahsiy mulkchilik tuzumi va yaratilgan ne’matlarning boʻlinishidagi adolatsizlik - jinoyatni keltirib chiqaruvchi asosiy sabablardir, deb hisoblashardi. Ajablanarlisi shundaki, jinoyatning bu ijtimoiy-siyosiy sabablari sovet tuzumi davrida yoʻqotildi. Ammo jinoyatning oʻsib borish jarayoniga barham berishga ojizlik qilindi. Oʻsha davrning va oʻsha jamiyatning olimlari bu xolni avvaliga «kapitalizm qoldiqlari» deb baholashdi. Keyinroq esa «burjua ideologiyasining oʻsmirlar va yoshlar ongiga zararli ta’siri», deb ta’rifladilar. Ularning da’volaricha, kapital dunyosi mafkurasi va gʻoyasi tinimsiz ravishda, turli vositalar yordamida oʻsmir va yoshlar ongini zaxarlashga urinar ekan. Oʻsha davrda bu xususda e’lon qilingan maqolalarning birida fikrlarining isboti tariqasida aytilishicha, «Amerika ovozi» radiostantsiyasi turli kanallar orqali 37 tilda, umumiy hisobda kuniga 80 soat radioeshittirishlari berarkan. Shundan 56 soati SSSR va boshqa sotsialistik mamlakatlar aholisi uchun ekan. Yana kapitalistlarning «Taym», «Luk», «Layf» kabi jurnallari ham bor ekan-ki, bular ham burjua targʻibotiga xizmat qilarkan. Oʻsha zamonning haqiqati shu ediki: nim yaxshi boʻlsa - sovet turmush tarzi, nima yomon boʻlsa burjua mafkurasining ta’siri. Gʻoyalar va mafkuralar kurashi mavjudligi aniq, buni inkor etib boʻlmaydi. Iqtisodiy manfaat mavjud ekan, bunday kurash va ziddiyat turli mamlakatlar orasida saqlanib qolaveradi. Oʻtmish mafkurachilarining da’volari asossiz ekanini anglash uchun oʻrtaga bir savol qoʻyish lozim boʻladi: oʻsmirlar va yoshlar orasida jinoyatchilik koʻpayib borayotganiga burjua mafkurasining zararli ta’siri sabab ekan. Durust, u holda jinoyat tufayli qamalganlardan soʻrash joizmikin, ular «Amerika ovozi»ni eshitganmikinlar, «Taym» va boshqa jurnallarni oʻqiganmikinlar? Sovet mafkurachilari qoralagan mafkura vositalari asosan siyosiy yoʻnalishda kurash olib borardilar. Ularda sovet turmush tarzining yaramas tomonlari fosh etilardi. Oʻgʻirlikka, qizlarning nomusiga tegishga, odam oʻldirishga, poraxoʻrlikka, talonchilikka... targʻib qilinmas edi-ku?

Undan tashqari «Kommunizm quruvchisining axloq kodeksi» degan narsalar mavjud edi-ku? Nahot sovetcha targʻibot burjuacha da’vat oldida ojiz boʻlib qolgan boʻlsa? U zamonlarda bular haqida oʻylanmas edi, hamma aybdorlarni chetdan qidirish bilan mashgʻul edi. Haqiqat esa oʻzgacharoq edi. Asosiy maqsaddan bir oz chalgʻisak-da, bugungi jinoyatlar ildizini aniqlashga yordami tegar, degan maqsadda ayrim dalillarga murojaat etmoqchimiz:

Sovetlar hukmronligining soʻnggi oʻn yilligida bolalar va oʻsmirlar orasidagi jinoyatchilik keskin darajada oʻsdi. Jinoyatchilikni kamaytirish emas, uning oʻsishini toʻxtatish masalasini yechish ham mumkin boʻlmay qoldi. Bu oʻsishni selga yoki qor koʻchkisiga oʻxshatsak lof urmagan boʻlamiz. Bugun Rossiya va uning qoʻshnilari boʻlmish mamlakatlardagi uyushgan jinoyatchilik, yollanma qotillik, hatto jinoyatchilikning siyosiy oʻyinlarga aralashuvi natijasidagi fojialar sir emas. Xoʻsh bu yovuzliklar qachon tugʻila qoldi? Oʻtgan asrning saksoninchi-toʻqsoninchi yillarida jinoyat olamiga kirib kelgan oʻsmirlar bugungi kunga kelib oʻljalarini oʻldirayotganda qoʻllari qaltiramaydigan ashaddiy qotilga aylanishgan. Bugungi «qonundagi oʻgʻrilar» endigina kissavurlikni oʻrganayotgan damlarda, ya’ni 1980-1990 yillar oraligʻida, «bepoyon» deb sifatlanmish sovetlar mamlakatidagi jinoyatchilik bir hilda rivojlanmagan edi. Shu tufayli ular uch darajaga boʻlingandi. Birinchi darajaga bolalar va oʻsmirlar orasidagi jinoyatchilik benihoya tarzda oʻsayotgan jumhuriyatlar kiritilgan. Ya’ni Estoniya, Latviya va RSFSR bu borada «qora roʻyxat»ning avvalida turardilar. Ikkinchi darajani Belorusiya, Moldova va Litva egallagandilar. Kavkaz va Oʻrta Osiyo jumhuriyatlari soʻnggi pogʻonalarda turardilar. Oʻsha yillari Latviyada har yuz ming aholiga hisoblaganda 857 jinoyat toʻgʻri kelgan. Bu raqam butun SSSRga qiyosan olinsa, yigirma besh foiz koʻproq degan gap edi. Rossiya va Estoniyada bu koʻrsatgich yanada yuqori boʻlgan. Biz oʻrganayotgan oʻn yillikda bu yurtlarda oʻsmirlar orasidagi ogʻir jinoyatlar 30 foizga oshdi. Shundan, qotillik uch martaga, nomusga tegish, bosqinchilik va talonchilik esa ikki baravarga koʻpaydi. Latviyaning poytaxti hisoblanmish Riga shahrida mamlakat aholisining uchdan bir qismi istiqomat qiladi. Jinoyatlar soni taqsimlansa, Latviyadagi jinoyatlarning teng yarmi uning poytaxtiga toʻgʻri keladi.

Shaharda har kuni 30-35 jinoyat roʻyxatga olinsa, shuning 10-15tasini oʻsmirlar amalga oshirar edilar. Oʻsmirlarning jinoyat olamiga kirib qolishlariga iqtisodiy qiyinchilikni sabab qilib koʻrsatuvchilar mana bu dalilni oʻylab koʻrsalar durust boʻlardi. Latviya va unga qoʻshni mamlakatlarda yashovchilar sovet davrida Oʻzbekiston aholisiga nisbatan iqtisodiy jihatdan yaxshiroq ta’minlangan edilar. Bizda topilishi qiyin mahsulotlar, tansiq ne’matlar ularda toʻkin-sochin ekanini raqamlar ham tasdiqlaydi, borgan odamlar esa toʻkinchiliklarni oʻz koʻzlari bilan koʻrib hayratlanib kelardilar. Asli bir boʻlgan mamlakatda ana shunday noinsoflik mavjud edi. Masalaning bu tomonini siyosatchilarning e’tiboriga havola qilamiz. Biz esa iqtisodiy jihatdan kamroq ta’minlangan Oʻzbekistonda bolalar va oʻsmirlar orasidagi jinoyatchilik toʻkin-sochin Latviyaga nisbatan ikki baravar kam boʻlganini ta’kidlab oʻtamiz. Sovetlar davrida hamisha maqtovga sazovor boʻlgan Moskvadaga ahvolga faqat achinish mumkin. 1990-2000 yillar mobaynida Yevropaning eng katta shaharlaridan biri boʻlmish Rossiya poytaxtida oʻsmirlar orasidagi jinoyatchilikning umum jinoyatchilikdagi hissasi 6,7 foizdan 25,2 foizga koʻtarildi. Diqqatni tortadigan yana bir jihati, yengilroq jinoyatlar kamayib, ogʻir jinoyatlar sezilarli darajada oʻsdi. Fikrimizning dalili uchun avvalgi boblarda bayon qilganimiz onasi va akalarini chopib tashlagan oʻsmirni eslasak kifoyadir.

Mutahassislar jinoyatning kelib chiqishi masalalarini yechish maqsadida yaqin tarixga koʻp murojaat etishlari tayin. Tarixdan haqiqat izlaganlarida ulugʻimiz Abdulhamd Choʻlponning bir baytlarini e’tiborga olsalar:

«Derlarki: «Oylarning nurida vafo yoʻq!»

Demaslar ularki: «Ayb bizda, biz buzuq!»

(Sovet zamonasini eslashdan muddao shulki, bugun bizning jamiyatimizda roʻy berayotgan jinoyatchilik oʻsha oʻtmishdan oʻtib kelgan yaramas merosdir. Sovet tuzumi davrida patos bogʻlagan yara endi ham jamiyatga azob bermoqda. Endi zamon boshqa, kasalni yashirishga urinish emas, uni davolashga harakat qilish zamonidir. Sodir etilgan jinoyatlarni tahlil etishdan maqsad ham shu - bularning takrorlanmogʻiga yoʻl qoʻymaslik choralari izlash.)

Jinoyatlar ildizini topish uchun turli mamlakatlar turli yoʻnalishlarda fikr yuritadilar. Bu tabiiy. Bir mamlakatdagi shart-sharoit bilan ikkinchi bir mamlakatdagisi orasida osmon bilan yer oraligʻi qadarli farq boʻlishi mumkin. AQSh bilan Meksika yon qoʻshni. Ammo har ikkisida jinoyatning kelib chiqish sabablari va oqibatlari bir hil deya olmaymiz. Ayrimlar jinoyatchilikni diniy yoʻnalish boʻyicha belgilamoqchi boʻladilar. Biroq, haqiqat shuki, islomni bayroq qilib olgan mamlakatlarda ham oʻsmirlar orasida jinoyatchilik uchrab turadi. Falsafiy tushunchaga koʻra, sabab - oqibatni tugʻdiradi. Har ikki tushunchani bogʻlab turuvchi ichki qonuniyat mavjud. Sabab va oqibat hayotning behisob zanjir halqalaridan biridir. Alohida sabab, alohida oqibat boʻlmaydi. Ayniqsa hozirgi kunlarda mamlakatlar orasidagi ruhiy-ma’naviy chegaralar buzilib ketgan zamonda jinoyatlarga xos xastaliklarning «yuqishi» osonlashib qoldi. Agar yuz yil ilgari Misrda vabo tarqalsa, bu xastalik oʻsha atroflarga yuqishi, uzoq oʻlkalarga yetib kelmasligi ham mumkin edi. Bugungi kunda esa har qanday yuqumli xastalik eng uzoq mamlakatga ham bir necha kunda yetib bora oladi. Ma’naviy xastaliklar ham shunday. Jinoyat olamiga yetaklovchi bema’ni odatlar, qiliqlar ham oʻsha joyning oʻzida yoʻq boʻlmay tarqayapti.

Bizningcha jinoyatning ildizi, oʻq tomiri har qanday jamiyatda bir yerda - notoʻgʻri tarbiyada. Jinoyat daraxtini quritish uchun patak ildizlarni qirqib qoʻyish kifoya qilmaydi.

Jinoyatchilikni oilaviy sharoitga bogʻlab fikr yuritishga koʻnikib qolganmiz. Bu haqda avvalgi boblarda bir-ikki soʻz aytgan edik. Birovlar nobop oilaning bolalari jinoyatchi boʻladi, desa, boshqalar boylarning tantiq farzandlarini ayblashadi. Tadqiqot natijalari esa oʻzgacharoq haqiqatni ayon qiladi. Ahloq tuzatish koloniyasiga borsangiz, turli oilalarning farzandlarini koʻrasiz. U yerda bir yil nobop oilalarning bolalari koʻproq boʻlsa, ikkinchi yil boylarniki koʻpayishi mumkin. Raqamlar muqim emas, oʻzgarib turadi. (Yana haqiqat shuki, boylarning farzandlari kam, degani ular orasida jinoyatchilik ozroq ekanini anglatmaydi. Ular jinoyatchi bolalarining ishini qamoqqa olib kelmaslikka harakat qiladilar.) Biz oʻrgangan vaqtda ahvol bunday edi: qamoqqa tushgan bolalarning 61 foizi jinoyat koʻchasiga kirguniga qadar ota-onasi bilan yashagan. Turmush sharoitlari unchalik yomon ham boʻlmagan. Jinoyatchilarning 28 foizi faqat onasi bilan yashagan, otasiz oʻsgan. 7,6 foizi ona va oʻgay ota bilan bilan, 1,1 foizi ota va oʻgay ona bilan birga yashashgan. Jinoyatchilarning 2,3 foizini ota-onasiz yetimlar tashkil etgan. Oʻrganilgan paytda jinoyatchilar orasida faqat otasi bilan yashovchi oʻsmirlar yoʻq edi.

Mazkur tadqiqot jinoyat turlariga boʻlinib oʻrganilganda sal oʻzgacharoq manzara yuzaga keldi. Ashaddiy oʻgʻrilarning 27,3 foizi bu yoʻlga oʻtgunlariga qadar ota-onalari bilan birga yashaganlar. Hayotdan noliydigan tomonlari boʻlmagan. 17,3 foizi yetim boʻlgan, 49,1 foizi otasiz oʻsgan, 6,3 foizi onasiz ulgʻaygan. Bunday tadqiqot bezorilarga doir ishlar yuzasidan oʻtkazilganda bezori oʻsmirlarning 32 foizi ota-onasi bilan yashaganligi, 68 foizi esa otasiz oʻsganligi, ya’ni ota tarbiyasidan bebahra ekanligi ma’lum boʻldi.

Qishloq bilan shahardagi jinoyatga doir ahvolga qisqa boʻlsa-da, toʻxtaldik. Endi yana bir muhim masalaga jinoyatlar sodir etiladigan vaqtga diqqatingizni tortamiz. Bir necha tumanlarda fosh etilgan jinoyatlarning sodir etilgan kuni va vaqti oʻrganilganda quyidagi manzaraga guvoh boʻldik: Jinoyatlarning 1,1 foizi ertalabki vaqtga toʻgʻri keladi. (Agar jinoyatni oʻgʻirlik, deb belgilasak, eng kam oʻgʻirlik ertalab boʻlgan.) Kunduzga 19,2, kechki paytga 56, tungi paytga 23,7 foiz jinoyat toʻgʻri kelyapti. Bu raqamlardan qiziq holat aniqlanyapti. Biz «ota-ona kunduzi ishda band boʻlgani sababli bolalar jinoyat koʻchasiga kirib ketyaptilar», deb tashvishlanamiz. Raqamlar esa boshqacha soʻzlashyapti. Jinoyatning asosiy qismi ota-ona uyda ekanida sodir etilyapti. Bu qanaqasi? Biz adashyapmizmi yoki raqamlar aldayaptimi? Shu mulohazada oradan bir yil oʻtib boshqa shahardagi vaziyatni oʻrganganimizda ham shunga yaqin natijaga guvoh boʻldik. Demak, «bolaning jinoyat koʻchasiga kirib ketishiga asosan ota-ona aybdor», degan da’voimiz asosliroq boʻlib chiqyapti. Kechqurun yoki tundagi jinoyati uchun qoʻlga olingan oʻsmirlarning koʻp qismi ota-onasi bilan yashagan. Shunday ekan, bu ota-ona «kechqurun yoki tunda qaylarda va kimlar bilan daydib yuribsan?»- deb tergamaydimi? Avvalgi boblardan birida koʻchada davra qurib oʻtiruvchi, «stolba qorovullari», deb nom olgan, koʻrinishidan beozor bolalar haqida gapirgan edik. «Koʻrinishidan beozor» deyishimizning boisi shuki, ular bir soniyaning oʻzida ayovsiz toʻdaga aylanib qolishlari hech gap emas. Aytaylik, shom qorongʻusida koʻchadan bir yigitcha bilan qiz oʻtib boryapti. Ehtimol ular sevishganlardir, balki aka-singildir, buning farqi yoʻq. «Stolba qorovullari»dan biri beozor ravishda qizga gap otadi. Uning koʻnglida shumlik boʻlmaydi. (yoki aksincha, janjal chiqarish maqsadida qitmirlik qilishi ham mumkin.) Yigitchaga bu qiliq yoqmaydi, javob qaytaradi. Soʻz janggi qoʻl janggiga aylanadi. Olti oʻsmirdan uchtasi «qoʻylaring», deb janjalni oldini olishga urinsa-da, qolgan uchtasi qilgʻiliqni qilib qoʻyadi. Koʻribsiz-ki, bu yogʻi qamoq, tergov... Ota-ona esa «oʻgʻlim koʻchada oʻrtoqlari bilan gaplashib oʻtiribdi», deb oʻylab televizorini hotirjam tamosha qilaveradi.

Oʻrganilgan davr natijalariga koʻra oʻsmirlar ishtirokidagi jinoyatning 72 - 95,6 foizi oddiy ish kunlarida, 28 - 4,4 foizi bayram kunlari sodir etilarkan. Ehtimol bunga huquq idoralari tomonidan bayramlarda nazoratning kuchayishi sabab boʻlar? Agar shunday boʻlsa, nazoratni susaytirmaganimiz ma’quldir?

Jinoyat sodir etilgan joylarga e’tibor qilsak, birinchi oʻrinda doʻkonlar va muassasalarni koʻramiz. Keyingi pogʻonada koʻp qavatli uylarning hovlilarida sodir etilgan jinoyatlar turadi. Keyin koʻchadagi, soʻng uylarning ichidagi, bogʻdagi, poezd vagonlaridagi va bozordagi jinoyatlar oldinma-keyin oʻrin oladilar.

E’tiboringizga havola etilgan raqamlar vaqt oʻtgani sayin bir oz oʻzgarsa-da, mohiyati oʻzgarishsiz qolaveradi. Koʻp yillik kuzatishlar bizni shu xulosaga olib keldi.

Jarrohning tigʻi

  • Toʻgʻrilik uchun jazo.

  • Tuhmat ildizi.

  • Tergovchi - tarbiyachi?

  • Feminizatsiya...

Kim militsiya noziri boʻla oladi? Bizda bu kasbga tayyorlaydigan maxsus oʻquv dargohi yoʻq. Ba’zan oliy oʻquv yurtini bitirib, militsiyada ishlashga xohish bildirganlarni shu xizmatga qoʻyadilar. Bu xizmatdagi odam, aytaylik, oliy ma’lumotli pedagogdir. Bolalar ruhiyati boʻyicha ma’lum bilimga egadir. Lekin bu oʻrinda maxsus bilim talab qilinadi. Militsiyaning bolalar bilan ishlash boʻlimiga boshqa boʻlimlarda ishni qoyil qilolmagan yoki bir ayb bilan nazardan qolganlar ham oʻtkaziladi. Aytmoqchimizki, bolalar bilan ishlash boʻlimi militsiyada eng martabasi past boʻlim hisoblanadi. Jinoyatchilikka qarshi kurashda yaxshi natijaga erishilsin, desak, militsiyadagi bu munosabatni oʻzgartirish kerak.

Sinfdagi bir oʻgʻirlik tufayli militsiyaning nazorat roʻyxatiga tushgan bolaning boshida balo buluti chaqin chaqib turadi. Shu mahallada yoki yon-atrofda biron uyni oʻgʻri ursa, jinoyatga doir qidiruv boʻlimi noziri bolalar bilan ishlash boʻyicha hamkasbiga murojaat qiladi va ishni shu roʻyxatda turuvi bolani iskanjaga olishdan boshlaydi. Uning uchun eng muhimi - bola oʻgʻriligi uchun roʻyxatda turadi. «Bola bolalik qilib, shoʻxlik yoki tushunmovchilik vajhidan oʻrtogʻining narsasini oʻgʻirlabdi. Oʻgʻirlik koʻchasiga butunlay kirish xayolida yoʻqdir», deb mulohaza qilmaydi. Avvalo oʻsha bolani yaxshilik bilan soʻroq qiladi. «Agar oʻzing boʻyningga olsang, yoki sheriklaringni aytib bersang qoʻyib yuboraman»,- deydi. Keyin iskanjaga oladi. Ana endi tuhmatga uchragan oʻsmirning ruhiy holatini tasavvur eting-da, risolamizning avvalida bayon qilganimiz tuhmat yukiga chidolmay oʻgʻirlikni kasb egan odamni eslang.

Fargʻonaning qishloqlaridan biridagi birodarimizni yoʻqlab bordik. Niyatimiz darrov qaytish boʻlgani uchun avtomashina oynaklarini ochiq qoldirdik. Taxminan yarim soatlardan keyin chiqib qarasak, buyumlarimiz yoʻq. Mezbon hijolat boʻlib, militsiyaga qoʻngʻiroq qildi. Dam oʻtmay koʻchada onaning figʻoni eshitildi: «Mening bolam oʻgʻri emas, nega uni qiynaysizlar. Uning jigari kasal...» Tashqariga chiqqan edik, ona bizni aybladi. Bilsak, militsiya oʻgʻirlik haqida xabar topishi bilan shu koʻchada istiqomat qiluvchi, nazoratdagi oʻsmirni ushlab olib ketibdi. Ular gumon uygʻonmasdan oldin soʻrab-surishtirishmagan, hatto oʻylab ham koʻrishmagan. Onaning «bolam uyda, yonimdan jilgani yoʻq»,- degan nolasiga ham e’tibor berishmagan. Toʻgʻri, ota yoki ona bolasining aybini yashirish uchun ham koʻp hollarda yolgʻon guvohlik beradilar. Shuning uchunmi, militsiya ularga e’tibor bermay qoʻygan. Lekin gumondagi oʻsmirni darrov tergov qamoqxonasiga kiritib qoʻyilishini ma’qullashimiz qiyin. Biz «oʻgʻirlik masalasida da’voimiz yoʻq, buyum topildi», deb tilxat berganimizdan soʻng oʻsmirni ozod qilishdi. Keyinroq oʻgʻrining boshqa odam ekani ma’lum boʻldi. Agar da’vodan voz kechilmaganida kim biladi, bu begunoh oʻsmirni nimalar kutardi.

Yana bir voqeaning bayoniga oʻtishdan oldin izoh berishni lozim topamiz. Risolamizdan oʻrin oladigan jinoyatga doir voqealar ayrim ma’murlarning gʻashiga tegmasin, isbot da’vo etmasinlar, degan niyatda bu voqealarning boshqa mamlakatlarda roʻy berganini aytib, bizlarda ham uchrashi mumkinligini ta’kidlab oʻtmoqchimiz. Maqsadimiz kimnidir ayblash emas, balki shu voqealarni tahlil qilib, fikrlashdir.

Endi gap begunoh ravishda ikki oy qamoqda oʻtirgan oʻn olti yoshli yigitchaning taqdiri haqida boradi. Maktabdan chiqib kelayotgan E.ning qimmatbaho kiyimini kimdir yoʻlda yechib oladi. Bu haqda E.ning onasi militsiyaga arz qiladi. Arzida T.dan gumoni borligini aytadi. Ma’lum boʻlishicha, shu maktabda oʻqiydigan T. uning oʻgʻlini bir-ikki urgan ekan. Bolalar bir-birlari bilan arzimagan narsa uchun ham tez-tez mushtlashadilar. Koʻp oʻtmay yana qadrdonlashib ketadilaru bu harakatlarining vaqti kelsa ayb sifatida taqalishini oʻylab ham koʻrmaydilar. E. manmanligi, boyligiga kerilib, boshqalarni haqorat qilgani uchun T. uning esini joyiga keltirib qoʻyish uchun urgan, kiyimini yechib olish xayoliga ham kelmagan edi.

T.ning onasi M.ga sinf rahbari qoʻngʻiroq qilib, maktabga tez yetib kelishi shartligini bildiradi. «Militsiya xodimlari oʻgʻlingiz bilan gaplashishmoqchi, T. bir-ikki masalada guvohlik berishi kerak»,- deydi. Oʻsha kuni T.ning isitmasi baland, uyda yotgan edi. Onasining bu vaji qabul etilmay, ish shoshqich ekani ta’kidlandi. M. oʻgʻli bilan maktabga keldi-yu, militsiya vakilining birinchi soʻzlaridanoq gap guvohlik haqida emasligini angladi.
-Oʻgʻirlikni boʻyningga olsang, oʻzingga oson boʻladi, hoziroq qoʻyib yuboraman. Agar tonsang, jabrlanuvchi bilan yuzma-yuz qilaman, u seni albatta taniydi. Sheriging ham seni koʻrsatadi.

T.ning tan olmasligi militsiya uchun haqiqatni anglatmas edi. U qoidaga muvofiq, jabrlanuvchi bilan yuzma-yuz qilindi. Bir necha bolalar orasidagi T.ni «Mana shu», deb koʻrsatdi. Koʻcha bolalari orasida e’tibori boʻlgan «Boʻri» laqabli oʻsmir oʻgʻirlikni boʻyniga olib, sherigi sifatida T.ni koʻrsatdi. «Boʻri»ning oʻgʻirlagani rost, ammo sherigi T. emas, balki 19 yoshli boshqa yigit edi. Agar bu isbotini topsa, avval ham sudlangan bu yigit qattiq jazo olmogʻi mumkin boʻlardi. «Boʻri» uni himoya qilish maqsadida T.ni koʻrsatdi. E.ni esa «T.dan da’vo qilmasang - oʻlasan», degan ma’noda qoʻrqitdi. Albatta, buni militsiya xodimi bilmas edi va T.ning oʻjarligi uni gʻazabga solardi. U M.ga ham bir necha marta «Oʻgʻlingizga ayting, qaysarlik qilsa oʻziga qiyin, boʻyniga olsin», deb murojaat qildi. «Men oʻgʻlimning oʻgʻri emasligiga ishonaman. Ishona turib unga qanday qilib «oʻgʻriligingni tan ol», deyman?»- degan javob militsiya xodimini qanoatlantirmadi. «Oʻgʻlingiz oʻsha kuni qaerda edi, nima bilan shugʻullangan?»- degan savolga mushtipar ona oʻsha paytda aniq javob qaytara olmadi. Chunki oʻgʻirlik salkam bir oy oldin sodir boʻlgan, T.ning qaerda boʻlganini eslash qiyin edi. M. militsiyadan qaytib, oʻgʻlining narsalarini yigʻishtirayotganida choʻntakdagi chaqiruv qogʻozini koʻrdi-yu, koʻngli yorishdi. Esladi: oʻsha kuni oʻgʻliga harbiydan chaqiruv qogʻozi kelgandi. M. hamkasbi bilan uyga qaytgan, oʻgʻli bu chaqiruvdan quvonib ularni kutib olgan, qogʻozni koʻrsatgan edi. Harbiyga chaqiruv T.ning nazarida balogʻatga yoshiga yetganligi, kattalar safiga qoʻshilganini isbot etuvchi guvohnomaday tuyulgandi. M. bu suyunchlik xabar bilan yana militsiyaga keldi. Dugonasi guvohlik berdi. Biroq, bu guvohliklar inobatga oʻtmadi. Chunki T.ning oʻsha kuni uyda boʻlgani kech eslandi, M.ning dugonasi yolgʻon guvohlik berishi ham mumkin. Tarozining ayblash pallasida esa yolgʻonligi noma’lum muhimroq dalillar turibdi.

M. shundan soʻng haqiqat va adolat istab koʻp idoralarga murojaat qildi. Uni yaxshi kutib olishardi, da’vosini diqqat bilan eshitishardi, lekin soʻzlarida haqiqat borligiga gumon qilib, militsiyadagi yolgʻon dalillarga ishonishardi. Bu holatdan ajablanmasa ham boʻladi. Hayotning beayovligi ham shunda: haqiqatga ishonish qiyin, yolgʻonga esa darrov ishona qolamiz.

Onalarga xos metin irodaga tan bermoq kerak. M. iziga chekinmadi. Oʻgʻlining aybsizligini isbotlash uchun mustaqil ravishda oʻziga xos tergov boshladi. Oʻgʻlining maktabdagi doʻstlari bilan suhbatlashdi. Tez orada ma’lum boʻldi-ki, «Boʻri» qilgan ishidan magʻrurlanib, oʻgʻirlikning ertasigayoq ayrim bolalarga maqtangan ekan. «Paxan» oyogʻidan ushlab turdi, men yechintirdim»,- degan gapi haqiqat yoʻlini yorituvchi nur edi goʻyo. Ammo bolalar, ayniqsa ularning ota-onalari guvohlik berishdan bosh tortardilar. Chunki guvohlik natijasida «Paxan» va uning atrofidagilardan jazo olmoqliklari xavfi bor edi. M. «Paxan» haqidagi ma’lumotni militsiyaga yetkazganida ular tekshirish oʻrniga «oʻgʻlingizni chiqarib olib, boshqa begunohni oʻtqizmoqchimisiz?» degan ta’nani eshitdi. Ajablanarlisi shundaki, «Paxan» - militsiyaning doimiy nazoratidagi yigit. U haqdagi har bir ma’lumot inobatga olinishi shart. Lekin M. bu safar ham umidsiz qaytdi. Unga militsiya xodimining gapi ogʻir botdi: uning oʻzi ham bir aybsizni chiqarib ikkinchi bir aybsizni oʻtqazishdan havotirda edi. Oʻsha kunlari M.ning ishini Xudo oʻngladi. Maktabdagi uch bola guvohlik berishga koʻndi. Rahbariyatga qilgan murojaati inobatsiz qolmay, jinoiy ish boshqa xodimga olib berildi va yangi tergovchi barcha da’volarni sinchiklab oʻrganib chiqdi. «Boʻri» ham, E. ham yolgʻon guvohlik berganlarini tan oldilar. Ma’lumki, yolgʻon guvohlik berish ham jinoyat, ammo bu holat oʻsmir yoshidagilarga nisbatan qoʻllanilmaydi. Shunga koʻra, «Boʻri» shartli ravishda jazolandi. Aybni darrov boʻyniga olgani uchun u suddan oldin ehtiyot chorasi sifatida qamoqda ushlab turilmadi. «Paxan» esa talonchilik qilmagani, faqat jabrlanuvchining qoʻlidan ushlab turgani uchun yengil jazo bilan qutuldi. Jabrni adolat istagan yigitcha tortdi. U oilada yaxshi tarbiya koʻrgani, irodasi mustahkamligi uchun, adolatga ishonchi bor boʻlgani uchun yengib chiqa oldi. Yomon nom olib qamoqdan chiqib ketguncha, azoblansa ham nomini pok saqlab qolish uning uchun muhim boʻldi.

Siz bu voqeani ruhiy tomondan qanday sharhlaysiz? Barcha oʻsmirlar ham bu qadar irodaga ega emaslar, degan fikrga qoʻshilasizmi? Endi tasavvur qilaylik-chi, T. qamoq azobiga chidolmay oʻgʻirlikni boʻyniga oldi. Shartli ravishda jazolandi. Endi undan nima kutish mumkin? Adolat borligiga umuman ishonchi yoʻqolgan oʻsmirning hayoti endi qanday boʻladi? Ertaga «Paxan»ga qoʻshilib, oʻsha E.ni yoki boshqa bir bolani tunamaydi, deb kim kafolat beradi?

Endi voqeaga huquqshunos koʻzi bilan qarab tahlil qilaylik:

Bu oʻrinda ommatan militsiyani, xossatan ishni yuritgan tergovchini umumiy holda ayblashimiz va «hamisha shunday boʻladi, tuhmat bilan qamab yuborish odatiy hol», deb xulosa chiqarmogʻimiz nooʻrindir. Mazkur voqeada qasddan, ataylab adolatsizlik qilinmayapti. Bunda tergovchining va nozirning eng katta kamchiligi - oʻsmirlar ruhiyatini, jinoyatchi oʻsmir bilan ishlashda zarur oʻziga xoslikni bilmaslikdadir. Tergovchilar katta yoshdagi jinoyatchini, gumondagi shaxsni yoki guvohni soʻroq qilishganda ham, oʻsmirlardan biron gapmi ma’lumotmi olish istagida boʻlishganda ham bir hil uslubni qoʻllaydilar. Ularning ishidagi xato aynan shundan boshlanadi. Tergov chogʻida aldash, gunohni boshqaga agʻdarishga urinish kattalar orasida boshqacha, oʻsmirlar orasida oʻzgacharoq kechadi. Birinchi marta jinoyatga qoʻl urgan katta yoshdagi odam bilan oʻsmirning ruhiy olamida ham jiddiy farqlar mavjud. Aytaylik, birinchi marta odam oʻldirgan katta yoshdagi kishi yashirinishga harakat qilsa, oʻsmirni jinoyat sodir boʻlgan joy oʻziga tortaveradi. Katta yoshdagi qotilga nisbatan oʻsmirda qoʻrquv kuchliroq boʻladi. Katta yoshdagi faqat boʻlajak jazodan qoʻrqsa, oʻsmirni marhum ta’qib etganday boʻlaveradi. Oʻsmirlar xuddi mana shu kechinmalari tufayli tezroq qoʻlga olinadilar.

Oʻsmirlar orasida tuhmat, ya’ni aybni begunoh odamga toʻnkash, yoki boshqa bir odamni himoya qilishga urinish koʻp uchraydi. Oʻsmir qilgʻiliqni qilib qoʻyadi-yu, ammo hibsga olinish, qamoq, tergov kabi holatlarga ruhan tayyor boʻlmaydi. Ayrim oʻsmirlar nima deb boʻlsa ham militsiya qoʻlidan tezroq qutilib ketishni oʻylashadi. Ba’zi tergovchilar «oʻrtogʻingni himoya qilib ovora boʻlma, u aybini tan oldi, endi aldab bizlarni laqillatma, oʻzingni ham oʻrtogʻingni ham qiynama», degan mazmunda gapirib, uni yolgʻon haqiqatga ishontiradilar. Oʻsmir «bu yerda baribir adolat yoʻq», degan ishonchda tergovchi chizib bergan chiziqdan yura boshlaydi. Zikr etilmish voqeadagi T. kabilar esa kam uchraydi. Mazkur voqeada ashyoviy dalil, gunohkorni tanish marosimi tergovchi uchun asosiy qurol vazifasini oʻtagan. Bunaqa paytda jabrlanuvchiga tergovchi tomonidan yoʻl-yoʻriq ham koʻrsatilib turilish holati ham kam boʻlsa-da, uchrab turadi. «Sen uning koʻrinishini yaxshi eslab qolmagandirsan. Oʻngdan ikkinchi bolaga yaxshilab qara, biz uni yaxshi bilamiz. U aybini boʻyniga ham olgan. Biz seni deb yugur-yugur qilib yuribmizmi, endi sen ham bizlarga yordamlashib yubor», deyilsa jabrlanuvchi nima qilardi. Gumondagi shaxs shu yoʻl bilan jinoyatchi sifatida tanilgach, u nima qila olardi?

Ikkinchi tergovchi salafidan farqli oʻlaroq, birinchi galdagi vazifa sifatida jinoyatchini aniqlashni emas, adolat qilish zarurligini belgiladi. U ikki oydan ziyod vaqt mobaynida oʻsmirning «sinmay» turishini befarq qoldirmadi. Buning shunchalik oʻjarlik emasligini, bu qaysarlik zaminida haqiqat borligini seza oldi.

Tergov qilinayotgan oʻsmirga koʻpincha yoshiga qarab baho beriladi. Bu xato uslubdir. Chunki 16-17 yoshdagi ayrim oʻsmirlarning dunyoqarashi, atrof-muhitni anglash miqyosi, oʻz qilmishiga baho bera olishi 14-15 yoshli bolaniki kabi ham boʻlishi mumkin. Aql-zakovat, qobiliyat darajasi bir hil boʻlmagani sababli boladagi ongning rivojlanishi bir hilda kechmaydi. Oʻsmirning soʻroq chogʻi oʻzini tutishida bu ham muhim ahamiyat kasb etadi-ki, tergovchi mazkur holni e’tiborga olmogʻi zarurdir. Harbiylar orasidagi jinoyatchini harbiy tergovchi soʻroq qilgani kabi oʻsmirlar ishini ham alohida tajribaga ega tergovchilar yuritgani durust, deb oʻylaymiz. Ya’ni jinoyatga doir qidiruv va tergov boʻlimlarida, sud va prokuratura idoralarida faqat oʻsmirlar bilan shugʻullanuvchi mutaxassislarning mavjudligi maqsadga muvofiqdir. Tibbiyotda bolalarning va kattalarning shifokorlari alohida boʻlgani kabi bu sohada ham boshqa-boshqa boʻlgani yaxshi natija beradi, degan fikrdamiz.

Toʻgʻri, jinoyatga doir qidiruv boʻlimi noziri yoki tergovchi tarbiya ishlari bilan shugʻullanmaydi. Ammo unda tarbiyachiga xos xislatlar boʻlmoqligi maqsadga muvofiqdir. Chunki soʻroq jarayonida u oʻsmirlarga xos bir qancha ruhiy jihatlarni hisobga olmoqligi joizdir. Aytaylik, bir oʻsmir qiziqqonroq, jizzakiroq, boshqasi esa aksincha, gʻoyat bosiq, kamgap, yana biri mijgʻovroq. Tergovchi barchasiga bir hilda muomala qilsa ijobiy natijaga erisha olmasligi mumkin. Demoqchimizki, oʻsmirlarning fe’l-atvorlariga qarab tergov uslubi tanlanishi lozim. Masalan, qat’iylik, talabchanlik, jiddiylik uslubini loqayd, begʻam, sovuqqon yoki pitrak, serharakat oʻsmirga nisbatan qoʻllash mumkin. Dilgir, gʻamginlikka moyil, ma’yus oʻsmirga esa bu uslub salbiy ta’sir koʻrsatadi.

Aytmoqchi boʻlgan gapini ham unutadi, yoki qaysarlik toʻniga oʻralib olib «nima qilsang qilaver», degan ma’noda javob bermay qoʻyishi ham mumkin.

Oʻsmirlarning har bir avlodida oʻziga xos oʻzgarish kuzatiladi. Oʻtgan asrning oltmishinchi yillaridagi oʻsmir bilan yangi asrning oʻsmirlari orasida katta farq mavjudligini hech kim inkor etmaydi. Ammo keyingi oʻn yil orasida oʻsmirlik olamiga kirib kelayotganlarning ruhiy olamida, fe’l-atvorida farq mavjudligini barcha ham sezavermaydi. Mutaxassislarning kuzatishicha, oʻgʻil bolalarning his-tuygʻularida, fe’l-atvorlarida (xarakterlarida) ilmiy tilda «feminizatsiya» degan xolat kuzatilyapti. Lotincha «femina» - «ayol» ma’nosini bildiradi. Mazkur ilmiy atama oʻgʻil bolalarda qat’iyatsizlik oshib borayotganini anglatadi. Kengroq ma’noda sharhlasak, oʻgʻil bolalar jiddiy bir qarorga kelishda sustlik qiladilar, ularda mas’uliyatga nisbatan qoʻrquv mavjud, boshqarishdan boʻyin tovlamoqlik, mustaqil qarorga kelishdan qochishga urinish, irodasizlik va oʻta ta’sirchanlik sezilyapti. Bular erkaklarga xos boʻlmagan xolatlar ekanini ta’kidlamasak ham boʻlar. Buning asosiy sababi qilib olimlar maktab oʻqituvchilarining asosan ayollardan iborat ekanini koʻrsatishadi. Maktab oʻqituvchilarining 80-90 foizi ayol ekani va buning muhim ijtimoiy muammo ekani dunyodagi koʻp mamlakatlarga xosdir. Qiziqda, oʻgʻil bolani uyda onasi, maktabda yana ayol muallima tarbiyalasa, ulardagi ayrim odatlar oʻtmaydimi? Oiladagi 4-5 qiz orasida ulgʻaygan oʻgʻil bolaning fe’l-atvorini kuzating. Arzimagan gapdan ham ta’sirlanib yigʻlab yuborishi fikrimizga dalil emasmi? Tarbiyachilar orasida erkaklarning koʻproq boʻlishi masalasiga biz toʻxtalib oʻtirmaymiz. Biz oʻgʻil bolalar fe’l-atvoridagi mazkur jihatlarga tergovchi va nozirlarning e’tiborlarini tortmoqchimiz xalos.

Oʻsmirni militsiya nazoratiga olish masalasiga ikki hil munosabat mavjud. Bir toifa odamlar buni xonadonlari uchun fojia sifatida koʻradilar va buni qamoqqa olib boruvchi darvozaning ochilishiday qabul qiladilar. Ikkinchi toifa odamlar nazoratga olinmish bolaning qismatida qamoq borligiga toʻla ishonadilar. Bolani nazoratga olish nihoyatda nozik masala. Toʻgʻri nazorat qilish yaxshi natija berishi shubhasiz, notoʻgʻri nazorat esa salbiy oqibat bilan yakunlanadi. Oʻgʻirlik bilan qamalganlarning 30-35 foizi avval militsiya nazoratida turganlari fikrimizni isbot etadi.

Yana demoqchimizki, gumondagi yoki guvoh oʻsmirni soʻroq qilish shunchaki odatiy ish emas, balki ilmiy tahlilga asoslangan jarayon boʻlmogʻi zarurdir. Agar bolalar jarrohi amaliyot chogʻida ehtiyotsizlik qilib bitta tomirchani uzib yuborsa bola jisman nobud boʻladi va ba’zan biz u jarrohni jinoiy javobgarlikka tortishga urinamiz. Agar tergovchi oʻsmirning ruhiy olamini toptab qoʻysa, jamiyat ruhi sogʻlom bir odamni yoʻqotgan hisoblanadi. Jisman nobud boʻlgan bola tufayli bir oila aziyat chekadi, vaqt oʻtgach, gʻam-alam asta unutiladi. Ruhan nobud qilingan oʻsmirdan esa jamiyat aziyat chekadi va buning gʻam-alamlari darrov unutilmaydi. Tergovchining tigʻi - aql va til, tigʻ uriladigan joy esa oʻsmirning qalbi va ongidir. Buni unutmaslik shart.

Demak, tergovchi qarshisida oʻsmir oʻtiribdi. Tergovchiga ham oson tutib boʻlmaydi. Siz bilan biz oʻn besh yillar atrofida oʻzimiz tarbiya etgan farzandimizni qachon toʻgʻri, qachon yolgʻon gapirayotganini ba’zan farqlay olmaymiz. Tergovchidan esa bir necha soʻroq mobaynida oʻsmirning xulqini, odatini aniqlab, bunga erishishi talab etiladi. Gumondagi oʻsmir: a) toʻgʻri va ishonchli ma’lumot berishi mumkin, b) yolgʻon gaplarni toʻqiydi, v) adashganligi tufayli notoʻgʻri ma’lumotni aytadi. Bularni farqlab olishi uchun tergovchidan yuksak mahorat talab qilinadi. Birinchi holatda toʻgʻri va ishonchli ma’lumot gumonni tasdiqlashi yoki aksincha, gumonni inkor etib oʻsmirni oqlashi mumkin. Ikkinchi va uchinchi holatda hamma narsa chalkashib ketadi, to haqiqatga yetib borilguniga qadar ish choʻziladi.

P.ismli oʻsmir oʻrtoqlari bilan togʻ sayriga borishiga ruxsat berishmagani uchun ota-onasidan arazlab, uydan chiqib ketadi. Ikki oyga yaqin daydib yuradi. Soʻng oʻgʻirlik qilayotganida qoʻlga olinadi. Bunday holatda tergov ishi qiyin kechmaydi. Avvalo bola jinoyat ustida ushlandi. Guvohlar bor. Bundan tashqari bola bahonalarni qalashtirmay aybiga iqror boʻldi. Shu bilan birga bunga qadar yana oʻn yetti marta bosqinchilik qilgani, «Azroil» va «Iblis» laqabli ashaddiy oʻgʻrilarga qoʻshilib dahshatli jinoyatlarga sherik boʻlganini ham tan oldi. Uning ma’lumotlari tekshirib koʻrilganida barchasi yolgʻon ekani ma’lum boʻldi. Xoʻsh, yolgʻon toʻqishdan bolaning muddaosi nima edi? Tergovchini chalgʻitish yoki laqillatishmi? Yoʻq, u buni xayoliga ham keltirmagan. Tergov jarayonlaridan mutlaqo bexabar boʻlgani sababli «gapimga ishonishadi-yu, qamab yuborishadi», deb oʻylagan. Aytgan jinoyatlarining har biri qaerda sodir boʻlsa, oʻsha yerga borib, koʻrsatib, isbot qilib berishi lozimligini bilmagan. Birinchi va ikkinchi ma’lumoti isbotini topmaganidan keyinoq yolgʻoniga iqror boʻlgan. «Nima uchun bunday qilding?» degan savolga javob bermadi. Bera olmasdi ham. Oʻsmirlar ruhiyatini yaxshi bilgan tergovchi uning oʻzi aytmasa ham, maqsadini anglab, ogʻir jazo bermadi. Uydan ketishni oʻzicha qahramonlikka yoʻygan oʻsmir kichik bir oʻgʻirlik bilan qamalib ketishni oʻziga isnod deb bilib, «obroʻyi»ni oshirmoqchi boʻlgan. Qamoqda ham, ozodlikka chiqqanidan keyin ham mayda emas, e’tiborli oʻgʻri martabasida yurmoqlikni orzu qilgan.

Katta yoshdagilarni tergov qilish jarayonlarida ham yolgʻon, iqror boʻlmaslik, tuhmat kabi holatlar uchrab turadi. Kattalar aytadigan yolgʻonlarini avval puxta oʻylab, ma’lum odamlar bilan kelishib olib soʻng ishontirishga harakat qilishadi. Yolgʻon guvohlar ham topishadi. Oʻsmirlarda mana shu puxtalik yetishmaydi. Videokassetalarni oʻgʻirlashda ayblanayotgan Ch. «yolgʻiz oʻzim edim», deb tergovchini ishontirmoqchi boʻlgan. Tergovchi oʻgʻirlangan 170 videokassetani qopga joylab, koʻtar, deydi. Shubhasizki, u koʻtarolmaydi va oqibatda sherigi borligini aytishga majbur boʻladi. Avvalgi holatdagi bilan bunisidagi yolgʻonni solishtirilsa oʻzga-oʻzga manzara yuz ochadi. Yana bir tergov bayonini lozim koʻrdik-ki, unda butunlay oʻzga holat koʻzga tashlanadi. Diskotekada boshlangan janjal qotillik bilan tugaydi. Toʻrt oʻsmir oʻzlariga yoqqan qizga oʻralashgani uchun Z. ismli yigitchani ayovsiz kaltaklab oʻldiradilar. Toʻrtovlon oʻsha tundayoq qoʻlga olinadi. Toʻrttalasa Z.ni urganini tan oladi ammo oʻlimga sabab boʻluvchi zarbani kim berganini aniqlashga kelganda har biri oʻzini oqlashga tushadi.

Ekspertiza xulosasiga koʻra Z. temir tayoq bilan urilgani tufayli jon bergan. Temir tayoqda barmoq izlari yoʻq - qotil artib tashlashga ulgurgan. Aybdorlardan ikkitasi «temir tayoq Oʻ.ning qoʻlida edi», deb koʻrsatma berdilar. Oʻ. esa buni rad etib, «M. urgan», deb qattiq turib oladi. Shunda mana bu savol-javob boʻlib oʻtadi:

Tergovchi - Z. kaltaklanayotganda siz qaerda edingiz, koʻchadami?

Ayblanuvchi - Yoʻq, men ichkarida, diskotekada qoluvdim.

Tergovchi - Atrofingizda kimlar bor edi?

Ayblanuvchi - Esimda yoʻq.

Tergovchi - Z.ni temir tayoq bilan M. urdi, deb sizga kim aytdi?

Ayblanuvchi - Oʻzim koʻrdim.

Tergovchi - Qanday koʻrasiz, axir siz ichkarida, diskotekada edingiz-ku?

Albatta bu mantiq oldida ayblanuvchi darrovgina bosh ega qolmaydi. Yangi-yangi yolgʻonlar toʻqishga urinadi.

Mutaxassislar yordamida 250 tergov ishlari oʻrganilganda mana bu holat aniqlandi: oʻsmirlarning 158 tasi (63,2%) toʻgʻrisini aytib, aybiga iqror boʻlgan. 73 tasi (29,2%) yolgʻon toʻqigan. 19 tasi (7,6%) adashganlari tufayli ishonchsiz ma’lumotlarni berganlar. Yolgʻon toʻqigan 73 bola bilan suhbatlashilganda ma’lum boʻldiki, ularning yarmidan koʻprogʻi shu yoʻl bilan jazodan qutilib qolish chorasini izlagan. 16,4 foizi sheriklarini yashirish maqsadida, 11,1 foizi esa sheriklaridan oʻch olish uchun yolgʻon toʻqigan. 8,5 foizi doʻstlikka sadoqat tushunchasini notoʻgʻri anglagani tufayli, 9,6 foizi qarindoshlarini himoyalash umidida, 3,7 foizi esa oʻzining mardligini isbotlash niyatida yolgʻon gapirganlar.

Bu raqamlar nimani koʻrsatyapti? Toʻgʻrisini aytib, aybiga iqror boʻlganlar, pushaymon yeganlar ozodlikka chiqqanlaridan keyin jinoyat olamini butunlay tark etadilar, deyishimizga asos bor. Toʻgʻrisini aytish - notoʻgʻri yoʻlga kirganligini anglab yetishining dalolatimi? Yolgʻon gapirganlar jinoyat olamida bir umrga qolib ketadilar, deb xulosa chiqarishga shoshilmaylik. Ularning bu zulmat olamiga qaytish yoki qaytmasligi bizning munosabatimizga bogʻliq-ki, bu haqda keyinroq alohida fikr yuritamiz.

Toʻgʻrisini aytish - jinoyatga iqror boʻldi, degan gap emas. Toʻgʻrisini aytib, ayblovni inkor qilish ham mumkin. Shu oʻrinda tergovchiga yana qiyinchilik tugʻiladi, ya’ni buni «oʻzini oqlash uchun toʻqilayotgan yolgʻon» sifatida qabul qiladi. Oqibatda tergovchi xayolidagi gumonni haqiqat oʻrnida koʻrib, oʻsmirning shu yolgʻonni tan olmogʻini istaydi. Ch.ning oʻlimi xususidagi jinoiy ishni oʻrganish jarayonida shunday voqea yuz berdi. Ch.ismli bola Q. ismli doʻsti bilan mushtlashgan. Bu mushtlashishni koʻrgan guvohlar bor. Buni Q.ning oʻzi ham inkor qilmaydi. Jagʻidan musht yegan Ch. yiqilib tushadi. Ertasiga biqini ogʻriyotganidan shikoyat qiladi. Uni kasalxonaga olib boradilar. Ogʻriq toʻxtamaydi. Ikki kundan soʻng amaliyot (operatsiya) qiladilar. Ch. jigari shikastlangani oqibatida vafot etadi. Ota-onasi uning oʻlimida Q.ni ayblashadi. Amaliyot qilgan jarroh jigar qattiq zarba tufayli ezilgan, deb xulosa chiqaradi. Jigar nima sababdan ezilishi mumkin? Tepki orqali. Tergovchining xulosasi shu edi. Q. esa urganiga iqror boʻlgani holda, «tepmadim», deb turib oldi. Tergovchi buni oʻjarlik, yolgʻon vositasini oʻzini himoya qilish, deb qabul qildi. Mushtlashuvni koʻrgan bolalarning birontasi ham Q.ning tepganini tasdiqlashmadi. Shunga qaramay, tergovchi «Ish»ni yakunlab sudga oshirdi. Sud esa tergov natijalaridan qoniqmay uni qaytardi. Qayta tergov bilan shugʻullangan xodim shoshilmadi. Mushtlashuvga guvoh boʻlgan bolalardan odatdagidek «Q.tepdimi?»-deb emas, «Ch. kaltak yegandan keyin yiqildimi?»- deb soʻradi. Bolalarning barchasi «yiqilmadi,jagʻini ushlab qochdi», - deb javob qaytarishdi. Shunda tergovchi Ch.ning qaysi tomonga qochgani bilan qiziqdi. Bolalarning bu savolga javoblari ham bir hil boʻldi. Tergovchi Q.ning orqadan quvmaganini ham aniqladi. Demak, agar Ch. yiqilmagan boʻlsa, Q. qanday qilib uning jigariga qattiq zarba berishi mumkin? Agar Ch. jagʻiga tushgan musht zarbasidan yiqilsa-yu, biron tosh ustigami yo toʻnkagami oʻng tomoni bilan tushsa jigari ezilishi mumkin. Q. sport, xususan jang usullari bilan shugʻullanmagan. Jismoniy jihatdan ham boshqalardan ajralib turmaydi. Maktabdagilar uni urushqoq bola sifatida ta’riflashmagan. Tergovchida uning kuchli zarba bera olishiga shubha uygʻondi. Xoʻsh, unda nima boʻlgan? Tergovchi Ch.ning mushtlashuv kuni emas ertasiga ogʻriqdan noliganiga e’tibor berdi. Shuning barobarinda vrachlarning hatti-harakatlari bilan qiziqdi. Amaliyot nima uchun bemor shikoyat qilgan kuni emas, ikki kundan keyin qilindi, degan savolga javob izladi. Kasalxona jarrohlarining xulosasi bilan kifoyalanmay eksgumatsiya (murdani qabrdan olib qayta tekshirish) qildirdi. Shulardan ma’lum boʻldi-ki, vrachlar vaqtni oʻtkazib soʻng muolajaga kirishganlar. Vaqtida amaliyot qilinsa, bolaning hayotini saqlab qolish mumkin ekan.

Tergovchi «Ish»dagi eng muhim narsani ham aniqladi: Ch. ertasiga velosipedda ketaturib yiqilib, yoʻl chetidagi toshga biqini bilan tushgan ekan. Biqinini ushlab «voy«voylab» oʻtirganini koʻrgan bolalarni ham, Ch.ga achinib, biqinini silab qoʻygan ayolni ham topdi. Shuning bilan «ehtiyotsizlik oqibatidagi qotillik» degan ayblov chippakka chiqdi.

Kaminaga bu voqeani IIV Akademiyasining tinglovchisi aytib bergan edi. U boshiga tushgan bu savdolardan soʻng tergovchi boʻlishga ahd qilgan ekan. «Hayotimni saqlab qolgan tergovchiga boʻlgan hurmatim haqqi, uning kasbini egallashga, hamisha adolat yoʻlidan yurishga ahd qilganman»,- dedi. Keyin afsus bilan: «oʻrtogʻimning oʻlimiga men sababchi boʻlmasam ham uni urganimdan hozirgacha pushaymonman. Bu pushaymonlik to umrimning oxirigacha ham meni tark etmasa kerak.»- dedi.

Z. ismli yigitchaning taqdiri esa oʻzgacharoq boʻldi. U maktabda urushqoqligi bilan nom chiqargan edi. Sport toʻgaragidan aynan shu bezoriligi uchun haydalgandi. Militsiya roʻyxatiga tushib qolishiga ham shu illati sabab edi. Lekin uni mushtumzoʻrligi uchun emas, nomusga tekkani uchun qamashdi. Jinoyatchini tanish marosimida qiz tergovchining maslahatiga amal qilib, Z.ni koʻrsatdi. Keyin esa koʻrsatmasidan qaytdi. Biroq, tergovchi «aytilgan soʻz - otilgan oʻq», shioriga amal qilib, qizning keyingi gaplarini inobatga olmadi, «Ish»ni chalkashtirishni istamadi. Qiz qurilishi bitmagan imorat ichida zoʻrlangan edi. Z. esa shu imoratga yaqin doʻkonchada amakisi bilan birga ishlardi. Uni ayblash uchun shuning oʻzi kifoya qildi. Qiz bitmagan imorat ichiga oʻz oyogʻi bilan kirib borgan, birov uni majburlab sudramagan. Uning kiyim-boshlari butun.

Tanasida ham shilingan, koʻkargan joy yoʻq, xullas kuch bilan zoʻrlash alomatlari yoʻq. Shunday ekan, uni zoʻrlangan jabrlanuvchi deyish oʻrinlimi? U koʻrsatmasida «uch yigit imorat ichiga aldab olib kirishdi»,-deb yozgan. Bitmagan imorat ichiga nima deb aldab olib kirish mumkin? Uyga biron narsa koʻrsatish bahonasida aldab olib kirish mumkindir. Mantiq shuki, qiz nima uchun borayotganini bilgan. Aniqroq aytilsa, oʻzida istak boʻlgan. Agar uch yigit orasida Z. boʻlgan taqdirda ham unga qoʻyilayotgan aybni oʻylab koʻrishga toʻgʻri kelardi. Undan tashqari qizning koʻrsatmasida yigitlarning uchta ekanligi aniq aytilgan. Dastlabki tergovlarda Z.ga «sheriklaringni aytasan!» - deb zugʻum qilgan boʻlishdi. Keyinroq esa bu dalil ham e’tibordan koʻtarilib, Z.ning oʻzi yakka aybdor sifatida hukm qilinadi. Shubhasizki, Z.ning ota-onasi bu hukmga rozi boʻlishmaydi. Qayta boʻlib oʻtgan sud uni aybsiz, deb topadi. Endi prokuratura bu hukmga rozi boʻlmaydi. Uchinchi marta boʻlib oʻtgan sud Z.ni yana qamoq jazosiga hukm qiladi. Ota-ona endi respublika prokuraturasiga arz qiladilar. «Ish» prokuratura tergovchisi tomonidan qayta koʻrib chiqilib, Z. ozod etiladi. Adolatning tantana qilgani yaxshi. Ammo bu shodlik yuzaga chiqquniga qadar Z. bir yil qamoqda oʻtirdi. «Hayot - shafqatsiz, adolat esa umuman yoʻq»,- degan fikrni haqiqat oʻrnida ongiga singdirdi. Ozodlikka xursandchilik bilan chiqmadi, yuragida qasos oʻti bilan chiqdi. «Nomusga tegish, zoʻrlash qanaqaligini senlarga koʻrsataman», degan ahdini amalga oshirdi. U to qoʻlga olingunga qadar bir necha qizni sharmsor qilishga ulgurdi. Biz ba’zan «ayrim jinoyatlar ochilmay qolyapti», deb noliymiz. Ba’zan «mana bunday ochiladigan boʻlsa ochilmay qolgani ham yaxshiroq edi», deging keladi. Bitta xato bir necha jinoyatlarni tugʻdirdi.

Bu misollarni e’tiboringizga havola etmoqlikdan maqsad - ishda uchraguvchi kamchiliklarni boʻrttirib koʻrsatish emas. (Xato-kamchilik hamma sohada ham bor. Faqat «xato qilmoqlik bordir, tuzatmaslik oqibati - hordir», degan hikmatga amal qilinsa yanada yaxshi.) Maqsad - oʻsmirlar bilan ishlovchi tergovchi zimmasidagi mas’uliyatni boʻrttirib koʻrsatish. Biz oʻsmirlar taqdirini hal etuvchi «Ish»larni bu sohani yaxshi biladigan, oʻsmirlar ruhiy olamidan xabardor mutaxassislarga ishonish kerak, degan fikrdamiz. Har qanday bastakor bolalar yoki yoshlar uchun qoʻshiq yaratavermaydi. Jarroh har qancha mohir boʻlmasin, bolalarga tigʻ urishga jur’at etavermaydi. Koʻp sohalar «kattalar» va «bolalar» degan boʻlimlarga ajratilgani kabi militsiya va prokuratura tergov boʻlimlarining, sudlarning ham maxsuslashuviga vaqt yetmadimikin? Bolalar ahloq tuzatish mehnat koloniyasi kattalarnikidan alohida boʻlgani kabi bu yerga yetib kelgungacha oʻtadigan jarayonlar ham ajratilgani durust edi. Qonunga koʻra, sudgacha boʻlgan jarayonda bolalar va oʻsmirlar kattalardan alohida qamoqda ushlanishlari shart. Bunga sharoit barcha yerda mavjud boʻlmaganidanmi yoki e’tiborsiz qaralganidanmi, hamisha ham rioya qilinavermaydi. Oʻsmirlar ba’zan ashaddiy jinoyatchilar oʻtirgan xonaga qoʻyiladiki, buning natijasini gapirmasak ham tushunarlidir.

Oʻsmir har qancha ogʻir jinoyat qilmasin, uni yaxshilar roʻyxatidan batamom oʻchirib, yomonlar safiga umrbodga tirkab qoʻymay, unga «adashgan» sifatida munosabatda boʻlsak ayni muddaodir. Adashgan oʻsmirni ashaddiy jinoyatchiga aylanib ketmasligining choralaridan biri esa - huquqqa doir idoralar vakillarining jazolovchi kuch emas, shafqatli va adolatli doʻst sifatida ish yuritishlaridir.

Militsiya ishlarida «mahfiylik» degan tushuncha bor. Mahfiylikni inkor etish mumkin emas. Hamma ishni ochiq-oydin olib borish imkoni ham yoʻq. Koʻp jinoyatlar mahfiy ravishda amalga oshiriladi, izlar berkitiladi. Uni fosh etishda ham huddi shu yoʻldan boriladi. Lekin bolalar va oʻsmirlarga doir ishlarda mahfiylik chegarasini ozgina ochish kerakmikin? Masalan, axloq tuzatish koloniyasidagilarning nechtasi qaysi viloyat, qaysi tumandan ekani, jinoyat turlari, tarbiyalanuvchilarning oʻzlarini tutishlari kabi ma’lumotlar jamoatchilikka ma’lum qilib turilsa, oʻsmirlar orasida olib borilayotgan ishlarda nafi tegarmidi,deb oʻylaymiz.

Naqadar shafqatsizsan, ey yorugʻ dunyo!

  • «Oʻzingdan koʻr...»

  • Yozuvchining koʻz yoshlari

  • Qamash shartmi?

  • Burgaga achchiq qilib

Sarlavhada oʻqiganingiz bu nido xayolimiz mahsuli emas. Yurakdan vulqon kabi otilib chiqqan bu alamli xitobni biz ozodlikdan mahrum etilgan yigitchaning kundalik daftarida oʻqidik. Jinoyatchi oʻsmirlar saqlanadigan yerni «koloniya» deb atalishini aytdik. Endi uning mazmuniga kelsak, «koloniya» - lotin tilida oʻzga yurtdan kelib joylashishni anglatadi. Shunga koʻra, jinoyat olamidan yulib olinib majburan joylashtirilganlar, degan mazmunda qabul qilsak ham boʻlar. Bu yerga hukm qilinganlarni kattalar kabi «mahkum», deb atashmaydi. Bundagilarning nomi - «tarbiyalanuvchi»dir. Militsiya xodimlari esa «tarbiyachi zobitlar» deb yuritiladi. Bu yer nima deb atalishidan qat’i nazar qamoqxona boʻlsa-da, kattalarniki kabi qurolli soqchilar bilan qoʻriqlanmaydi. Bunda dars oʻtiluvchi sinfxonalar, hunar oʻrgatuvchi ustaxonalar mavjud. Xullas, jinoyatchini emas, adashgan bolaning koʻzini ochib, toʻgʻri hayot yoʻliga yoʻllovchi barcha zarur masalalar inobatga olingan.

Mening togʻam, atoqli yozuvchi Mirzakalon Ismoiliy Stalin zamonida «xalq dushmani» degan tuhmat bilan qamalib, Qaragʻanda koʻmir konlarida umrlarining toʻrt yilini oʻtkazgan edilar. Gap kelganda aytib oʻtsam, «Fargʻona tong otguncha» romanining birinchi kitobi shu qamoqxonada yozilgan edi. Togʻam qamoqdaliklarida suyukli farzandlaridan biri Oyzuhra opam oʻn uch yoshlarida vafot etganlar. Togʻam oqlanib, ozodlikka chiqqanlaridan soʻng qizlarining xotirasiga atab, oʻsmirlar hayotidan hikoya qiluvchi «Bizning roman» qissasini yozgan edilar. Oradan yillar oʻtib, qarilik yoshiga yetganlarida shu qissaning davomini yozish istagi tugʻildi. «Asar qahramoni Toʻlavoy shoʻxlikdan shumlikka oʻta boshlagan edi. Shumlikning oqibati nima boʻladi, shuni yozmoqchiman», dedilar. Asar davomini moʻl qoʻygan ham edilar.

Reja boʻyicha, yozuvchining uyiga oqshom chogʻi notanish bir kishi kirib keladi. Ma’lum boʻlishicha, u adibning kitobdagi qahramoni - Toʻlavoy ekan. «Siz meni yozishga yozib qoʻyib, keyin unutdingiz. Siz yozgan voqealardan soʻng men yomon yoʻlga kirib ketdim. Qamaldim. Shundan keyingina koʻzim ochildi. Endi boshimga tushgan savdolarni yozing, toki boshqalarga oʻrnak boʻlsin»,- deydi u. Togʻam rejalarini gapira turib, «kimning boshiga nima tashvish tushsa oʻzgadan emas, oʻzidan koʻrsin. Yangi asarning nomi shuning uchun «Oʻzingdan koʻr», deb ataladi»,- dedilar. Oʻsha paytda kamina Yozuvchilar uyushmasida jamoatchilik asosida boshqaradigan «fantastika va detektiv adabiyoti kengashi» bolalar axloq tuzatish mehnat koloniyalarini otaliqqa olgan edi. Biz har yakshanbada turli adabiy uchrashuvlar tashkil qilar edik. Togʻamning niyatlarini eshitgach, «bolalar koloniyasiga borib kelasizmi?»-deb soʻradim. Ochigʻi, «qamoqxona nimaligini yaxshi bilaman, borishim shart emas», degan javob kutgan edim. Lekin xastaliklariga qaramasdan mahbus - tarbiyalanuvchilar bilan uchrashish istagini bildirdilar. Koloniyadan qaytib kelganlaridan soʻng «uchrashdingizmi, taassurotlaringiz qanday?»- deb soʻradim. Shunda yozuvchi koʻzlarida yosh paydo boʻldi. Lablari titrab, darrov gapira olmadilar. Bir ozdan soʻng yigʻlamsirab: «Shu bolalar qamoqda oʻtiradigan bolalarmi, a? Oʻqish oʻrniga, ota-onasi bagʻrida oʻynab-kulish oʻrniga nima uchun qamoqda oʻtirishibdi?»-dedilar. Toʻrt yil urush fojialarini koʻrgan, Stalingraddan Berlingacha borgan, soʻng esa tuhmat bilan qamoq jafolarini koʻrgan odamning diydasi qattiq boʻlishi kerak edi. Lekin yozuvchining qalbi tosh emas edi. U bolalarning ozodlikdan mahrum ekanliklariga chiday olmadi. Oʻsha uchrashuv xasta yurakka ilhom va dalda berib axloqiy asarni yozdilar. Bu asar yozuvchining vasiyati oʻrnida qoldi.

Yozuvchilar hissiyotli boʻlishadi, dersiz? Ha, toʻgʻri. Lekin hissiyotsiz odam ham bu yerdagi bolalarning mungli nigohlarini koʻrsa ezilib ketishi aniq. Tarbiyalanuvchilar sirtdan qaralganda moʻ’min qobil koʻrinsalar-da, ularning bu yerga kelgunlaricha qilgan qiliqlari, ayrimlarining bu yerda koʻrsatayotgan xunarlari bilan tanishsangiz, ehtimol achinish hissidan holi boʻlarsiz. Mirzakalon Ismoiliy kabi hamma ham hissiyotga berilib, koʻziga yosh olavermaydi. Oʻsha yillari yana bir yozuvchini koloniyadagi uchrashuvga taklif qilganimizda u qat’iy rad etib: «Bu tadbirlarning sira foydasi yoʻq, u yerga tushganlarning birontasi ham odam boʻlib chiqmaydi»,- dedi.

Uning gapi bizga malol keldi. Agar oʻsha yerda uning farzandimi yo nabirasimi yoki jiyanimi boʻlganida bunday shafqatsiz tarzda gapirmas edi. Barchamiz uchun afsusli yeri shundaki, oʻsha yozuvchimizga oʻxshab fikrlaydiganlar oramizda ozmi-koʻpmi uchraydi. «Bolalar koloniyalari yanada pishib yetilgan, uddaburro jinoyatchilar yetishtirib beruvchi maktabdir», deguvchilarni ham uchratganmiz. Rasuli muhtaram sallollohu alayhi vasallam janobi Haqdan rivoyat qilgan soʻzda Olloh Taolo shunday buyuradi: «Ey bandalarim! Men bandamning gumonidaman. Men sen bilan birgaman. Agar mendan yaxshilikni gumon qilsang, yaxshilik boʻladi. Yomonlikni gumon qilsang, yomonlik boʻladi.» Shunga koʻra, biz qamoqdagi oʻsmirlarga nafrat koʻzi bilan qarasak, ulardan ham nafrat nazarini olamiz, ularning toʻgʻri yoʻlni topa olishlariga ishonmasak, zulmni kasb qilib olgan ashaddiy jinoyatchiga ertami kechmi oʻzimiz roʻpara kelamiz, choʻkayotganga yordam qoʻlini choʻzmasak, bu gunohimiz uchun qachondir yo farzandimiz yo yaqin qarindoshimiz taqdiri bilan javob beramiz. Shularni unutmasak bas.

Mazkur risolani yozishga tayyorlanayotgan paytimizda jinoyatga doir qidiruv nozirlari, tergovchilar, sud hakamlari va shu sohaga yaqin kishilar bilan suhbatimiz chogʻida «oʻsmirlarni qamash shartmi, ularni tarbiyalashning oʻzga chorasi yoʻqmi?» degan savol bilan murojaat etdik. Ularning 93 foizi «qamash shart, qamoqda qanchalik uzoq oʻtirsa jamiyatning tashvishi shunchalik kamayadi», degan fikrni bildirdilar. «Jamiyatning tashvishi», deganda ular eng avvalo oʻzlarining tinchini oʻylaganlari biz uchun sir emasdi. Bizni ajablantirgan narsa boshqa edi: suhbatdan ma’lum boʻlishicha, bolalarni uzoqroq qamash tarafdorlarining birontasi koloniyaga bormagan, undagi shart-sharoitlar, tarbiya usullari bilan tanish emas ekan.

«Bolalarni jinoyati uchun qamash shartmi?» degan muammo butun dunyodagi shu soha mutaxassislarini oʻylatib keladi va har bir mamlakatda oʻziga hos ravishda yechimni topishga urinishadi. Masalan, Chexiyada jinoyat bilan ushlangan bolalarning 20-26 foizigina qamoq jazosiga tortilarkan. Bu koʻrsatgich Germaniyada 10-20, Polshada 4-6 foizni tashkil etarkan. Bu uch mamlakat bir-biriga qoʻshni ekanini e’tiborga olsak, masalaga yondashish boʻyicha ham yaqinlik mavjud ekanini koʻramiz.

Shu tomonlardagi mutaxassislarning fikricha, bolalarni koʻpi bilan olti hafta qamoqda ushlab turish kifoya qiladi. Bola qamoqda koʻp oʻtirgani sayin undagi ijobiy xislatlar kamayib, salbiy illatlar koʻpayib borishi mumkin ekan. Polshaga xos bu dalil u yerdagi bir tadbirni yodimga tushirdi. Mamlakatda «bolalar va yoshlar orasidagi giyohvandlikka qarshi barchamiz birgalikda kurashamiz!» degan shior kun tartibiga qoʻyilib, odamlar belgilangan kun va soatda koʻchaga chiqib, bir-birlarining qoʻllaridan mahkam ushlab, jonli zanjir hosil qilganlar. Bu manzara jamiyatning oʻz farzandlari taqdiriga befarq emasligiga ishora emasmi?

Keyingi yillarda bizning yurtimizda ham bu masalaning ijobiy hal etilishiga e’tibor qaratilyapti. Ayrim hollarda bolalar qamalmay, jamoatchilik tarbiyasiga topshirilyapti. Ba’zi bolalarni mahallalar himoyalariga olishyapti. Ma’lum jinoyat uchun belgilangan jazo muddati ham qisqartirilyapti. Avfi umumiyda ham birinchi galda bolalarga imtiyoz berilyapti. Bu tadbirlar kelgusida yaxshi natijalar berishiga umidimiz bor. Ammo jazo belgilashdagi liberallashuv jarayonida jazo muddatini kamaytirish bilangina kifoyalanmay, qadim donishmand Aflotun aytganiday, masalaning ma’naviy tomonini ham yechishga urinish kerak. Bu nima degani? Deylik, bir odamning jinoyati uchun yetti yildan oʻn yilgacha qamoq jazosi berilishi kerak. Oʻsha odam oʻzining jinoyatini shu darajada his qilsinki, «etti yilmi, oʻn yilmi - oʻzing tanla», deyilsa ma’naviy yuksaklik ila: «mening jazoim oʻn yilga loyiq», desin, hakam esa uning aybini tushunib yetganini inobatga olib, eng kam jazoni belgilasin. Shunga koʻra, bolaning qamoqda uzoq oʻtirishi muhim emas. Muhimi - u qanday ayb ish qilib qoʻyganini tushunib yetsin va bu yoʻldan qaytsin.

Qamalgan bolalarning taqdirini koʻp yillardan beri kuzatayotgan kishi sifatidagi bizning xulosamiz shuki, burgaga achchiq qilib koʻrpa kuydirmaslik kerak. Toʻgʻri, badbin odamlar oʻylaganidek, tuzalishi amri mahol boʻlgan yigitchalar ham bor. Ammo undagilarning koʻpi bu yerdan qutilib chiqqach, halollik yoʻlida yurmoqlikni orzu qiladi. Ozodlikka chiqquncha esa...

Ozodlikdan mahrum etilishning oʻsmir ruhiyatiga qanchalar ta’sir etishini bayon etishga qalam ojiz. Kechagina hamma aybni oʻz boʻyniga olib mardlik qilayotgan yigitcha bu ostonadan hatlagach, boshqacha odamga aylanadi. Ozodlikdagi, hatto tergov davridagi erkaliklarini, injiqliklarini bu olam koʻtarmaydi. Bola faqat issiq uyidangina, yaxshimi-yomonmi doʻstlari bagʻridangina emas, koʻnika boshlayotgani jinoyat olamidan ham yulib olinib bu yerga tashlanadi. Endi u mehnat qilishga majbur, ammo mehnat turini oʻz istagiga koʻra tanlay olmaydi. Bunda oʻziga oʻxshaganlar bor, biroq, istagani bilan soʻzlashib, istamaganidan nari yurish huquqidan mahrum. Boʻsh vaqti koʻp, lekin xohlagan musiqani eshitolmaydi, istagan paytda yotib xordiq chiqarolmaydi Hatto taomlanish borasida ham qat’iy chegaralar orasida yashay boshlaydi. Uning toʻgʻri gapiga ham ishonqirashmaydi, hatta-harakatini gumon bilan kuzatishadi. Uyidagilar kiritgan narsalarni titib tekshirishadi. Bunday cheklash, chegaralash, ta’qiblarni bola koloniya tartibi sifatida emas, balki oʻzi uchun xorlik va xoʻrlik deb qabul qiladi.

Bolasi koloniyaga tushgan oila yanada ogʻirroq ma’naviy azobga duch keladi. (Nobop oilalar bundan mustasno. Ular uchun farzand oʻz bagʻridami yo qamoqdami - baribir.) Demak, simtikonli baland devorning har ikki tomonida alam va qaygʻu oʻzining temir tirnoqlari bilan tirik jonlarni azobga solaveradi.

Bilmayin bosdim tikonni - tortadirman jabrini,

Bilsam erdim, bosmas erdim, tortmas edim jabrini...

Bu - qalb nolasi, kechikib ochilgan ongning qaygʻuli faryodi. Endi buning qanchalar foydasi bor, Xudo biladi.

Bundagi tarbiyachilar turli usullar va uslublar bilan bolalarni toʻgʻri yoʻlga yoʻllashga urinadilar. Biz ularning ishlarini tahlil etib, tanqid qilish fikridan uzoqmiz. Ammo haqiqat shuki, bundagi qayta tarbiyaning oqibati jamiyat kutgan darajada boʻlmayapti.

Roviylar derlarkim: «Bir yigitcha oʻgʻrilik hunarini egallamoqchi boʻlibdi. Unga: «Eng zoʻr va mahoratli oʻgʻri Bagʻdodda yashaydi, borib, oʻshanga shogird tush», deb maslahat beribdilar. Yigitcha maslahatga amal qilib, Bagʻdod shahriga boribdi, mashhur oʻgʻrini topib, muddaosini aytibdi. Oʻgʻri mamnuniyat bilan uni kutib olib, mehmon qilmoqchi boʻlibdi. Yigitcha taomga oʻng qoʻlini uzatishi bilan, bilagiga urib: «Ovqatni chap qoʻling bilan yeysan!»- deb buyuribdi. Yigitcha buyruqqa itoat etmoqchi boʻlibdi-yu, ammo chap qoʻlda taom yemoqlikning ilojini qilolmabdi. Oxiri: «Ustoz, men uzoq yoʻl yurib keldim, toliqdim, ochman. Chap qoʻlda yegin, deb meni qiynamang»,- deb yolboribdi. Shunda ustoz boʻlmish oʻgʻri debdi-ki: «Taomni faqat va faqat chap qoʻlda yeysan. Oʻgʻri boʻlmoqlikning birinchi sharti - shudir. Sababki, oʻgʻirlik qilib yurib, qachondir tuzoqqa tushishing tayin. Ana shunda sening oʻng qoʻlingni kesadilar. Oʻng qoʻldan ajralganingda chap qoʻlda ovqat yeyishga qiynalmaysan.» Bu gapni eshitgan yigitchaning koʻz oldiga kesilgan qoʻli kelib, oʻgʻrilik hunarini olmoqlik orzusidan voz kechgan ekan.» Mazkur rivoyat har qancha ibratli boʻlmasin, qamoqdagi bolaga yetarli ta’sir eta oladi, deya olmaymiz. Bagʻdodlik ustoz bir-ikki hunarni oʻrgatib, bir-ikki oʻgʻirlikka olib borgandan keyin chap qoʻlda taom yemoqlik shartini aytganida oʻsha yigitcha ham orzusidan qaytmagan boʻlardi.

Koloniyada belgilangan tartib-qoida har qancha nazorat qilinmasin, unga boʻysunmaydiganlar, yoki tartib buzuvchilar uchrab turadi. Bu yerga kirganimizda boshliq bir yigitchani chaqirtirdi. Tarbiyalanuvchining egnida eskiroq paxtalik kaltatoʻn diqqatimizni tortdi.
-Kecha yangi paxtalik oluvding, qayoqqa gum qilding?-deb soʻradi boshliq.

Yigitcha darrov javob bermay, boshini xam qilib turaverdi. Savol yana takrorlangach, «yoʻqotib qoʻydim», dedi. Boshliq bizning oldimizda haqiqatni oshkor qilishni istamay, uni chiqarib yubordi-da: «Aldayapti,-dedi,- bir quti sigaretga almaщtirib yuboribdi.» Yigitcha almashtirmasa-da, kechasi almashtirib qoʻyishlari yoki ochiqchasiga zoʻrlik bilan tortib olishlari ham mumkin edi. Huddi koʻchadagi kabi bu yerda ham «zoʻr»lar mavjud va ular bolalarga sezilarli salbiy ta’sirlarini oʻtkaza oladilar. Ayrim bolalar koloniya ma’muriyatidan emas, koʻproq oʻsha «zoʻr»lardan qoʻrqadilar. Mutaxassislarning kuzatishlaricha, koloniyadagilarning chorak qismi boshqalarni tartibni buzib turishga undar ekan. Beshdan bir qismi esa ma’muriyatga boʻysunmasligi, qochishga urinishi bilan ajralib turar ekan. 10-13 foizi esa tartibni buzishga boshqalarni ham jismonan, ham ma’nan majburlar ekan. Mana shunday tashqi ta’sir natijasida bu yerdagi adashganlar «ma’naviy boylik», «jamiyat manfaati» degan tushunchalardan uzoqlashaveradilar. Hatto vaqt oʻtgani sayin ular uchun inson hayotining sariq chaqachalik qadri qolmaydi.

Ozodlikda ularning atrofida ozmi-koʻpmi sogʻlom muhit boʻladi. Tutqunlar esa bundan mahrumlar. Ular ozodlikdagi tengdoshlaridan har tomonlama ortda qoladilar.

Koloniyaga tushganiga hali bir yil boʻlmagan bolalardan «Kuch ishlatmasdan biron nimaga erishish mumkinmi?» deb soʻraganimizda ularning 48 foizi «Mumkin», deb javob berishdi. Bu yerda ikki yarim-uch yildan beri oʻtirganlardan soʻralganda esa bu raqam 13 foizni tashkil etdi. Bir yil oʻtirganlarning 14 foizi shafqat va mehribonlikni ojizlar ishi, deb baholagan boʻlsalar, ikki yarim-uch yil oʻtirganlarning 33 foizi shunday fikrni bildirdilar. Demak, bola qamoqda qancha koʻp oʻtirsa, shuncha koʻp shafqatsizroq boʻlib borarkan.

Baland devor bilan oʻralgan koloniyaning yozilmagan, ammo bajarilishi majbur oʻziga xos qonun-qoidalari bor. Bu oʻrinda ma’muriyat ta’sis etgan qoidalar nazarda tutilmayapti. Xuddi kattalar qamoqxonasida boʻlganidek, bu yerda ham norasmiy xoʻjayinlar - «zoʻr»lar mavjudligini aytdik. «Tarbiyalanuvchi»lar orasidagi munosabat koʻp hollarda ularning istagi asosida yuritiladi. «Xoʻjayinlar» - yoshi katta, qayta-qayta qamalganlardan iborat boʻladi. «Tarbiyachi-zobit»larni qiynovchi aosiy masalalardan biri ham shu «xoʻjayin»lardir. Bolalarni qoʻrqitib, zoʻrlab, hatto qiynab oʻz olamlariga tobe qiluvchilar ham aynan shulardir.

Ostona hatlab kirgan jinoyatchi oʻsmirni kutib oluvchilar unga jinoyatiga qarab muomala qiladilar. Qotilga bir munosabat, oʻgʻriga boshqacharoq, nomusga teguvchiga esa butunlay oʻzgacha. Nomdorroq jinoiy guruh qatorida qamalganlarning martabasi balandroq, adashib pushaymon yeyayotganlarniki quyiroq, ehtiyotsizligi oqibatida jinoyatga tasodifan aralashib qolganlarniki yanada boshqacharoq. «Tarbiyalanuvchi»lar orasidagi zulm, zoʻrlik, adolatsizlik oqibatida turli koʻngilsiz holatlar uchrab turadi-ki, bu haqda siz bilan bizga ma’lum qilinmaydi. Biz mazkur bobda bularni tadqiq qilishni muddao qilib qoʻymaganmiz. Bizning maqsadimiz ozodlikdan mahrum bolaning ruhiyatidagi oʻzgarishlarni oʻrganish.

Bir masala boʻyicha ozod yigitcha bilan tutqun oʻsmirning fikri ayri-ayri boʻlishi tabiiydir. Hayotga qarash, uni tushunish, xulosa qilish ham turlichadir. Siz bilan biz diqqat qiladigan nuqta ham aynan shu yerda: oʻsmir ozodlikka hayot haqidagi oʻzgacha fikr bilan chiqadi. Undagi oʻzgacha fikr faqat oʻz aqlining mahsuli, deya olmaymiz. Bola har qancha aqlli boʻlmasin, uning dunyoqarashiga atrofidagilarning ta’siri sezilarli boʻladi.

«Agar sizga pul zarur boʻlib qolsa qaerdan topasiz?» degan savolga ozodlikdagi oʻsmirlar bunday javob qaytardilar: soʻralganlarning 37 foizi ota-onasi yoki qarindoshlaridan iltimos qilishini aytdi. 33 foizi oʻrtoqlaridan qarz olishga umidvor. 24 foizi biron yerda ishlab topishiga ishonadi. 6 foizi biron buyumini sotishi mumkin ekan. Tutqundagi oʻsmirlarning javoblari esa bulardan anchagina farq qiladi. Ularning koʻpchiligi «har qanday yoʻl bilan ham topish» tarafdori. «Har qanday yoʻl», deyilganda oʻgʻirlik yoki talonchilik nazarda tutilgani aniq. Lekin bolalar bu yoʻlga «tilanchilik qilish ham ayb emas», deb qoʻshimcha qildilar. Lekin bu qoʻshimchaga uncha ishonmadik, bu yerdan chiqqanlar tilanchilik qilishmasa kerak, deb oʻyladik. Tutqunlikdagilardan soʻralganlarning yana bir guruhi «moʻmay pul topish uchun tavakkal qilish kerak», deb aytishdi. «Tavakkal»ning ma’nosini ham sharhlash shart emasdir. Har holda ozodlikdagi bolalar pul uchun tavakkal qilmoqlikni nodonlikdan, deb hisobladilar. Qamoqdagilar esa «pul qanday topilishi muhim emas, muhimi pul topish!» degan fikrda qat’iy qoldilar.

Oʻsmirlar dunyoqarashini aniqlash uchun turli savollar berildi. «Oʻzingga istamagan narsani birovga ham istama» - ozodlikdagilarning 67 foizi, tutqunlarning 31 foizi shu aqida boʻyicha yashamoq mumkin, deb hisoblaydi. «Agar birovning manfaatiga zid kelmasa, har bir odam oʻz istagi bilan yashashi kerak» - ozodlikdagilarning 59 foizi shunday fikrda. Tutqundagilarning koʻpi savolni «har bir odam oʻz istagicha yashashi kerak», deb tuzatishibdi. «Qizlar erkaklarning talabini qondirish uchungina mavjud» - ozodlikdagilarning 29 foizi,tutqunlarning 82 foizi shu fikrda. «Mayxoʻrlik - dunyo lazzatidir.» - ozodlikdagilarning 28 foizi, tutqunlarning 77 foizi shu shiorni ma’qul koʻrdi. Mazkur tadqiqot oʻn olti yoshli oʻsmirlar orasida oʻtkazildi. Qonun masalasidagi soʻrov ham turli natija berdi. Bizga bu borada tutqunlarning fikri muhim: 47 foiz oʻsmir qonun bilan mutlaqo qiziqmaydilar va qiziqmasliklari sababini tushuntirib bera olmaydilar. 17 foizi qonunni oʻrganish istagida, ularning fikricha qonun inson huquqlarini himoya qila oladi. 36 foiz bola esa bu fikrga qarshi.

Bolalarning kuchga munosabatlari ham bir hil emas. Ayniqsa qamoqdagilarning bu sohadagi fikrlari butunlay oʻzgacha. Ulardan «Oʻzaro kelishmovchiliklarni qanday hal qilgan ma’qul?»- deb soʻraganimizda yarmidan koʻpi kuch ishlatishni ma’qul koʻrdilar. Holbuki ozodlikdagi bolalarning qariyb yetmish foizi kelishmovchilikni tinch yoʻl bilan hal qilish tarafdorlari edilar. (Farqqa e’tibor bering!) Tutqundagi 21 foiz bola tinch yoʻl tarafdori boʻldi. 17 foizi boshqa biron yoʻl topish kerak, deyishdi. Ammo qanday yoʻl ekanini oʻzlari ham aniq bilishmadi.

«Birovning soʻkishiga qarshi qanday javob qilish kerak?» degan savolga ozodlikdagi bolalarning 33 foizi «musht bilan», deb javob qilishdi. (Ayrimlari «javob soʻkishning turiga bogʻliq. Agar onadan soʻkilsa mushtdan boshqa chora yoʻq», deb izoh berishdi.) 55 foizi «soʻkishga soʻkish bilan javob qilib masalani oydinlashtirish kerak», dedi. 12 foizi «Birov soʻksa, eshitsa ham eshitmaganga olib indamaslik kerak», degan ogʻir vazifani zimmalariga oldilar.

Oʻzaro kelishmovchiliklarni kuch bilan hal etish tarafdorlarining qariyb toʻqson foizi soʻkkan odamni albatta musht bilan «siylash» shart deb hisobladilar. Oʻn foizi soʻkishga soʻkish bilan javob qaytarish bilan kifoyalanar ekanlar. Soʻkishni eshitib, eshitmaganga olish bu toifa uchun uyat ekan. Oʻzaro kelishmovchiliklarni tinch yoʻl bilan hal qilsa boʻladi, deb hisoblovchi bolalarning 45 foizi soʻkishga soʻkish bilan javob berishni toʻgʻri, deb hisobladilar. Faqat 14 foizi musht ishlatishni soʻnggi chora, deb bildilar.

Xoʻsh, kuch ishlatish tarafdorlari kimlar? Siz albatta «zoʻr»lar, dersiz? Fikringizni rad etmaymiz. Ammo faqat ular emas, afsusli joyi shunda. Hayotda koʻp kaltaklangan yoki haqoratlangan oʻsmirlar, boshqacharoq aytsak «alamzadalar» kuch ishlatish tarafdorlarining aksarini tashkil etadilar. Yana afsusli jihati shundaki, bu alamzadalar fikrlarini amalga oshirishga juda yaqin boʻladilar.

Kelishmovchiliklarni faqat kuch ishlatish yoʻli bilan hal etish tarafdorlarining ozodlikdagi hayotlari bilan qiziqqanimizda mana bu manzara namoyon boʻldi: ularning 13 foizi otasi tomonidan doimiy ravishda kaltaklangan, 9 foizini onalari va akalari savalagan, 6 foizi sinfdoshlari tomonidan, qolgan qismi koʻchadagi tanish-notanish bolalar tomonidan kaltaklanib turilgan.

Oʻsmir yoshidagilarning kamdan kam qismi yolgʻiz paytida birov bilan mushtlashadi. Toʻda boʻlib olib mushtlashishlarini avval ham aytib, bir-ikki misol ham bayon qilib edik. Endi tutqunlikdagi bolalarning shu masalaga doir qarashlari bilan tanishsak. Albatta, koloniyada toʻdalarga boʻlinib olib, ochiqchasiga mushtlasha olishmaydi. Ma’muriyat bunga yoʻl qoʻymaydi. Kaltaklash pinhona tarzda amalga oshiriladi. Lekin bundagilarning hammasi boʻlmasa-da, ma’lum bir qismi ma’lum toʻdaning a’zosi sifatida mushtlashuvlarda ishtirok etgan. Ba’zilarning bu ishtiroki jazosiz qolgan boʻlsa, ba’zilari aynan shu ishtiroki uchun, oʻzlarining tillari bilan aytilsa: «arzimagan ish uchun» qamalishgan.

«Agar notanish yoki sizga raqib boʻlgan toʻda bilan mushtlashish zaruriyati tugʻilsa, siz nima qilar edingiz?» -degan savolga soʻralganlarning 79 foizi «sheriklarimni qoʻllash uchun men ham urushaman»,- deb javob qaytardi. 20 foizi olishuvni toʻxtatishga harakat qilishini aytdi. Qolgani bunaqa mash-mashadan oʻzini chetga olmogʻini bildirdi. Ma’lumki, bunaqa olishuvda ba’zan qurol ham ishlatishadi. Shu masalaga munosabatlari soʻralganda doʻstlarni himoya qilish uchun mushtlashuvchilarning 60 foizi qurollanishga shay ekanliklarini bildirdilar. 13 foizi esa qurol ishlatishni rad etdi. Qolganlari aniq fikrga kelolmadi. Qurol ishlatish tarafdorlarining 28 foizi qoʻliga pichoq, kastet, zanjir yoki shu kabi sovuq qurol olishi mumkin ekan. 23 foizi oʻzi yasagan maxsus moslamadan foydalanishni a’lo koʻrar ekan. Mana shu nuqtaga e’tibor beraylik. Birinchi toifa qoʻliga nima tushsa shuni ishlatadi. Ikkinchi toifa esa maxsus moslama yasab tayyorlanyapti. Birinchi toifa quroldan foydalanmasligi ham mumkin. Ikkinchisi albatta ishlatadi. 10 foiz bola gazli ballonchalarni, 6 foizi toʻpponcha yoki qirqma miltiqni, 4 foizi portlovchi biron moddani ma’qul koʻrdi. Bu raqamlar bekorga keltirilmayapti. Diqqat qiling: ular shunchaki mushtlashuvni nazarda tutishmayapti. Bu mushtlashuv bolalarning bezoriligi ham emas. Bu raqamlarning ortida zulm sharbatidan mast jinoyatchilar turibdi. Qamoqda oʻtirgan yerida qurol ishlatishni ma’qul koʻrayotgan oʻsmir ozodlikka chiqib, xayolini amalga oshirmaydi, deb kim kafolat bera oladi?

Jinoyati uchun jazoga hukm qilinganlarning barchasi aralash tarzda bitta koloniyaga yuborilmaydi. Maydaroq jinoyatlar uchun alohida, jiddiyroqlari uchun boshqa koloniya mavjud. Lekin bu ham koloniyadagi tabaqalanishning oldini ololmaydi. Har ikkovida ham «zoʻr»larning tabaqasi boshqalarga ta’sir oʻtkazaveradi. Tutqunlikdagi bolalarning yoshlari ham tabaqalanishga ta’sirini oʻtkazadi. Tabiiy-ki, 14-15 yoshdagi bolalar «zoʻr»lik shohsupasiga da’vo qilolmaydilar. Aksincha, yoshi kichik boʻlgani sayin yuqoridan tazyiq kuchayib boraveradi. Huquq ilmida qayta-qayta qamaluvchilarni «retsidivist» deb ataydilar. Siz ehtimol retsidivistlik kattalarga hos, dersiz? Ha, bizga shunday tuyuladi. Ammo afsuslar boʻlsinkim, bu hol oʻsmirlar orasida ham uchrab turadi. Koloniyada oʻtirgan retsidivistlarning yarmidan koʻpi birinchi marta 14-15 yoshida qamalgan. 10-14 foizi esa 16-17 yoshida qamalgan. Holbuki, 16-17 yoshlilar 14-15 yoshlilardan koʻproq qamalishadi.

Koloniyada tarbiyachi-zobitlarga mushkullik tugʻdiruvchi yana bir narsa - bundagilarning har biri oʻzicha bir olam. Ruhiy holati jihatidan bir-biriga yaqinlashmaydi. Ozodlikda bir sinfda oʻqiydigan bolalarning dunyoni anglash masalasida bir-biriga yaqinligi mavjud boʻladi. Chunki koʻp yillar davomida ular bir muhitda tarbiyalanadilar. Tutqunlikda esa oʻzgacha holatni kuzatamiz. Misol uchun qotillarni olib koʻraylik: huquq nuqtai nazaridan ularning nomlari bir - qotil. Ammo qotillik sabablari va bajarish usullari har hil boʻlganidek, jazo paytidagi ularning ruhiy holatlari, pushaymonlik darajalari ham turlichadir. Avvalroq hikoya qilganimiz, xorij kinolarini koʻp koʻrish ta’sirida onasi va akalarini oʻldirgan oʻsmirni eslaylik. Endi uning yonidagi yana bir qotilni koʻz oldimizga keltiraylik. Bu bolani koʻchaning «zoʻr»laridan ikkitasi uzoq vaqt qiynagan. Oxiri uni quvib kelib uyiga bostirib kirgan. Shunda farzandini himoya qilmoqchi boʻlgan otani ham kaltaklashgan. Bu xoʻrlikka chiday olmagan bola oshxonadan pichoq koʻtarib chiqib «zoʻr»larga tashlangan. Ularning biri bolaning koʻz oldida jon taslim qilgan, ikkinchisi kasalxonda oʻlgan. Bola ehtiyot chorasini meyordan oshirib yuborgani uchun qamalgan. Ana endi har ikkala qotilning kundalik turmushini his qilishga urinib koʻring. Ikkalasi ikki olam emasmi? Siz aytishingiz mumkinki, birinchi bola tuzalmaydi, ozodlikka chiqqanidan keyin ham qonsirab odam oʻldiraveradi. Bu gumoningizda ehtimol jon bordir. Lekin bu oʻrinda ham umiddan cheklanmaslik kerak. Toʻgʻri, dastlabki kunlari bola qanday mudhish jinoyat qilib qoʻyganini yetarli idrok eta olmadi. Lekin vaqt oʻtib, hushi oʻziga kelishi mumkin-ku? Pushaymon olovida kuyishi mumkin-ku? Ikkinchi bolaning afsusli kunlarini bayon etmasak ham boʻlar. Biz boshqa narsadan havotirdamiz: oʻz saflarini yoshlar hisobiga toʻlatib boruvchi jinoyat olami bularning qaysi birini oʻz bagʻriga tortishga urinar ekan?

Koloniyada oʻgʻirlik bilan qamalganlarni koʻproq uchratish mumkin. Retsidivistlarning koʻproq qismini ham aynan oʻgʻrilar tashkil etishadi. Shu bois oʻgʻri-oʻsmirlarga xos ayrim jihatlarga e’tiboringizni tortamiz. Avvalo ta’kid joizki, oʻgʻrilikning barchasi ham ochilavermaydi. Buning sababi: oʻgʻrilik hunari ibtidoiy koʻrinishdan chiqib, mukammallik darajasiga koʻtarildi. Oʻgʻrilar militsiyani chalgʻitishning koʻp usullarini egallaganlar. Ikkinchi sababi: militsiya xodimlari mayda oʻgʻirliklarni ochishga unchalik ragʻbat bildirmaydilar. Da’voimizning isboti uchun ikki misol keltiramiz: mehmonlar bilan muzeyga kirib ketdig-u, buyumlar mashinada qolaverdi. Haydovchi ham muzeyga qiziqib kiribdi-yu, eshikni ochiq qoldiribdi. Oqibat ma’lum: kimningdir sumkaga koʻzi tushgan-u, eshikni ochib xotirjamlik bilan olib ketavergan. Gavjum koʻcha, birov koʻrgan, birov koʻrmagan. Mehmon huzurida hijolat boʻlib militsiya chaqirildi. Militsiya birinchi navbatda haydovchini burovga oldi. Mehmon kuzatib yuborilgach, militsiya noziri «oʻgʻrini topaylikmi?»- deb soʻradi. (Savolning ajabtovurligini qarang!) Da’vogar tomon «Topa olasizmi?» - deb soʻrab, ochiqchasiga «yoʻq»- degan javob oldi-yu, ularni bezovta qilgani uchun uzr soʻrab da’vosidan voz kechuvchi arizani yozib berdi. Ikkinchi holatda mashina yukxonasi ochilib, diplomat oʻgʻirlangan. Uni koʻrganlar bor. Da’vogarning oʻzi oʻgʻrilarning sherigini koʻrsatib bergan. Uning aytishicha, mashinani qoʻyib qulflayotgan paytda bir bola «zira oling, amaki», deb kelgan. Shu bahonada mashinani kuzatgan. Haydovchi shu bolani nazoratga olishni iltimos qildi. Ammo uning gumoniga e’tibor berilmadi. Oradan bir oy oʻtgach, tergovchidan maktub oldi. Unda aytilishicha, avfi umumiy xususidagi qarorga binoan oʻgʻirlikka doir jinoiy ish toʻxtatilgan ekan. Oʻsmirlar orasida oʻgʻirlikning kamaymayotganiga yana qanday sabab izlash kerak? Oʻrni kelganda aytish joizki, oʻn yil avval yurtimizda mashina oʻgʻirligi avj olgan edi. Bu jinoyat uchun jazo kuchaytirilgach va militsiya xodimlarining harakatlari sezilarli jonlangach, ijobiy natijaga erishildi. Bunday jinoyatlar eng past darajaga tushdi. Keyingi paytda jazo yumshatilgach, jinoyatning bu olamida yana jonlanish sezildi. Jazoni liberallashtirish haqida gapirganimizda masalaning bu tomonini ham oʻylab koʻrishimiz kerakmikin?

Endi avvalgi masalamizga qaytsak, tutqundagi oʻgʻrilarning biz oʻrgangan paytdagi 39,6 foizi bittagina oʻgʻirligi uchun qamalgan ekan. Umumiy hisobda olinganda esa oʻsmirlarning 60 foizi toʻda boʻlib ish koʻrganlar. Bir necha oʻgʻirlikni boʻyniga olganlarning ma’lumotiga koʻra, ularning 7,5 foizi haftada ikki-uch marta oʻgʻirlik qilgan. 17 foizi oyda ikki-toʻrt marta, 20,7 foizi esa uch oyda toʻqqiz-oʻn marta «ov»ga chiqqan. Oʻsmirlarga xos oʻgʻirlikning kattalarnikidan farqli tomoni shundaki, ularning harakati maxsuslashmagan boʻladi. Boshqacharoq aytsak, tasodiflardan foydalanishga harakat qilishadi. Masalan, qaerningdir eshigi ochiq qolgan, kimdir pulini yashirgan joyini oshkor qilib qoʻygan yoki avtomashina qarovsiz qolgan... Mashina ichidagi qimmatbaho buyumni koʻrgan bola tosh bilan oynakni urib sindiradi-yu, oladi, ketadi. Jiddiyroq oʻgʻirlikka jur’ati yoki malakasi yetishmaydi. Biron muassasaga tushish uchun signalizatsiyani bartaraf etish zarur, yoʻl-yoʻriqni puxta oʻrganish kerak. Undan tashqari oʻgʻirlangan molni sotish muammosi ham bor. Oʻgʻirlangan velosipedmi yo radioga doir asbob uskunami, oziq-ovqatmi, bularni sotish qiyin emas. Oʻsmirlar oʻgʻirlangan molni tezroq sotishga urinib uni juda arzon-garovga pullaydilar. Tijorat ahli oʻsmirlardan mol sotib olayotganda kimlar bilan savdo qilayotganini biladi. Ammo koʻzini chirt yumib, huddi halol topilgan molni olayotganday boʻladi. Militsiya iziga tushsa «oʻlaman, sattor, oʻgʻirlanganini bilmas edim», deb tonadi. Gap savdoga taqalganida bir masalani koʻndalang qoʻymasak boʻlmas: «bola va savdo», «savdoning bola tarbiyasiga salbiy ta’siri», degan muammoni jamiyat hal qilishi kerakmi yo yoʻqmi? Avvallari bu masalaga jiddiy qaralardi. Rivojlangan mamlakatlarda hozir ham jiddiy munosabatda boʻlinadi. Balogʻatga yetmaganlar savdo ishiga qoʻyilmaydi. Bizda esa bu toʻgʻon buzilib ketdi. Bolalarni hamma yerda, katta bozordami yo kichikroq doʻkonchadami koʻrish mumkin. Ular uchun kunduz va kechning ham farqi yoʻq. Oʻn uch- oʻn toʻrt yoshli bolalarni aroq yoki sigaret sotayotganlarini koʻrib ajablanmaymiz-u, ammo «falonchining oʻn uch yashar oʻgʻli qoradori sotayotganida qoʻlga tushibdi», degan xabarni eshitsak lol qolamiz.

Qamoqqa tushgan oʻsmirlarning koʻp qismi adashganini, jinoyatiga yarasha jazo olayotganini anglab yetadi, bu yerdan qutilib ketish kunini orziqib kutadi. Ma’lum bir qismi esa bu yerga tushib qolishga oʻzini sababchi qilmaydi, oʻgʻri toʻdasining boshligʻini yoki boshqa bir a’zosini qoralaydi. Bu yerdan qutilib chiqqach, ishni pishiqroq qilish, ya’ni durustroq toʻdaga qoʻshilishni rejalashtiradi. Ba’zan shu yerning oʻzidayoq ishonchli «zoʻr»ni koʻrsa, uning etagini tutadi. Shu nuqtada «zoʻr»lar bilan ularning manfaati birlashadi. Qoʻlga tushgunicha kattalarning toʻdasida dastyorlik qilgan, bu yerda esa «zoʻr»lardan biriga aylangan yigit kelajagini oʻylab atrofiga ishonchli bolalarni toʻplashga intiladi.

Bir oʻsmir mastlikda ketaturib doʻkoncha oynagini sindiradi-yu, qimmatbaho molni olib ketayotganida qoʻlga tushadi. Yangi oʻgʻriboshi bunaqalarga uncha qiziqmaydi. Bundaylarni shu yerning oʻzida ishlatishi mumkin. Bir yigitcha puli boʻlmagani tufayli doʻkondordan qarzga bir quti sigaret soʻraydi. Iltimosiga javoban haqorat eshitgach, kechasi oʻrtogʻi bilan kelib doʻkonni talaydi. Izni berkitish maqsadida bir kechaning oʻzida yana ikki doʻkonchani talaydi. Boʻlajak oʻgʻriboshi «zoʻr»larga mana shunaqalari kerak

Hozirgi kunda barcha sohalarda isloh ketayotganini nazarda tutib, bu yoʻnalishda ham jiddiy islohotlar zarurligini ta’kid etmoqchimiz. Bu soha hamisha mutahassis olimlar nazoratida boʻlmogʻi va ish uslublari zamonga qarab oʻzgarib bormogʻi shart. Oʻn besh-yigirma yil avvalgi oʻsmir-oʻgʻri bilan bugungisining orasida osmon bilan yercha farq bor. Bugun ehtimol katta-katta koloniyalardan voz kechish maqsadga muvofiq boʻlar. Buning oʻrniga har viloyatda, ehtimol har vohada kichikroqlarining boʻlgani durustdir.

Oʻsmirlarning ota-onalari va yaqinlari bilan koʻrishib turish imtiyozlarini kengaytirish balki yaxshi samara berar. Balki sinfdoshlarining kelishini tashkil etishda ma’no bordir? Ruhiy tomondan doimiy ravishda tajribalar oʻtkazilib turilishi, ilmiy-tadqiqot ishlarini yoʻlga qoʻyilishidan boʻladigan foydani hech kim inkor etmasa kerak. Bizningcha, bu yerda shunchaki «tarbiyachi-zobit»lar emas, ilmiy tadqiqotga moyilligi bor kishilar koʻproq ishlagani ma’qul. Chunki u koloniya ostonasini hatlab kirib kelgan oʻsmirni nazorat qilinuvchi shaxs deb emas, tarbiyaga va shafqatga muhtoj inson, deb qabul qilib olishi kerak. Tarbiyachi-zobitlar tarbiyalanuvchi oʻsmirni jinoiy ishda bayon etilgan ma’lumotlar asosida biladilar. Biz ularning ishlarida nafi tegar, degan umidda bir-ikki taklifni aytmoqchimiz:

Har bir tarbiyachi-zobit tarbiyasidagi oʻsmir haqida mana bu ma’lumotlarni soʻrab, bilib, aniqlab olsa yaxshiroq boʻlardi:

  • Koloniyaga tushguniga qadar qanday sharoitda yashadi va tarbiya koʻrdi? Ota-onalari bormi, ular qanday yumushlar bilan bandlar? Oilada yana boshqa farzand bormi? Oilada sudlanib, qamalganlar boʻlganmi? Ruhiy xastalar yoki mayxoʻrlar mavjudmi?

  • Oilaning moddiy ahvoli qanday?

  • Oʻsmirning qamalguniga qadar oʻqishga yoki ishga boʻlgan munosabati.

  • Bundan avval qamalganmi, militsiya roʻyxatida turganmi, axloqi jamoatchilikda muhokama qilinganmi, mayda jinoyati uchun jazo olganmi, mayxoʻrligi tufayli xushyorxonaga tushganmi?

  • Uni toʻgʻri yoʻlga solish uchun qanday choralar qoʻllanilgan, bu choralar nima uchun ijobiy natija bermagan?

  • Jinoyat sodir etishiga qanday sharoit turtki boʻldi?

  • Jinoyat koʻchasiga kirib qolgunicha qilgan ayblari uchun koʻrilgan chora nima uchun unga ta’sir qilmadi?

  • U hayotdagi oʻrnini toʻgʻri koʻra oladimi, oʻz kuchiga toʻgʻri baho beradimi, insonning mehnat qilishi lozimligini toʻgʻri anglaydimi?

  • U biron hunarga qiziqadimi, shu hunar tufayli tirikchilik qila olishiga ishonadimi?

  • Madaniy va ma’naviy saviyani oshirish, deganda nimani tushunadi. Oʻzining saviyasini oshirishga intilishi bormi? Oʻqishga qiziqishi-chi? Oʻqib, yuqori martabalarga erishmogʻiga ishonadimi?

  • Irodasi qay darajada? Fe’l-atvori boshqalarnikidan qaysi jihatlari bilan farqlanadi?

  • U nimalarga koʻproq qiziqadi? Uning qiziqishi jamiyat manfaatiga zid emasmi?

  • Unda qanday qobiliyat mavjud?

  • Doʻstlikni qanday tushunadi? Kim bilun oʻrtogʻ-u, kim bilan yov?

  • Koloniyaga, oʻzining boʻlinmasiga munosabati qanday?

  • Atrofidagilarning muvaffaqiyatidan quvonadimi?

Tarbiyalanuvchi oʻsmirning boshqalar haqidagi fikrini bilishda juda va juda ehtiyotikor boʻlish talab qilinadi. Buni ular chaqimchilik oʻrnida qabul qilishlari ham mumkin. Tutqunlikda esa chaqimchilikning kechirilishi qiyin.

Sovet jamiyatining soʻnggi oʻn yilligida bolalar koloniyasi ostonasini 1,2-1,5 million oʻsmir bosib oʻtgan edi. Shu dalilning oʻziyoq jamiyat yaralarining yiringlab ketganini koʻrsatib turibdi. Bolalarni ayovsiz ravishda qamashdan qaytmagan jamiyatning ahvoli bu boʻldi.

Koloniya jazo maskanimi yo tarbiya oʻchogʻimi, degan savolga darrov javob qaytarishga urinmaylik. Nima boʻlganda ham u yerda gʻoyat ziyraklik zarur. Agar oʻsmirni qamamay tarbiyalashning imkoni boʻlsa, shu imkoniyatdan foydalanish zarur. Bu fikr nazariy jihatdan qaralsa, toʻgʻri, ammo amaliyotchilar buni qabul qilishlari qiyin. Demak, oʻrta yoʻlni topishimiz kerak boʻladi. Ehtimol fanning bu sohasida yangi yoʻnalish ochishning fursati yetilgandir? Fanda «biofizika», «biokimyo» kabi qoʻshma yoʻnalishlar mavjud. Balki huquq ilmi bilan ruhshunoslik ilmi ham bir nuqtada birlashar? «Huquqshunos-ruhshunos» fani qad rostlasa bolalar jinoyatchiligiga doir koʻp masalalar ilmiy jihatdan hal boʻlar?

Assalom, ozodlik...

Yoxud ishonchsizlik dunyosi

Uzoq vaqt toʻshakka mixlanib yotgan bemor, shifo nishonasi sezilsa ham darrov oyoqqa turib ketolmaydi. Ayrimlarini xuddi goʻdakligidagi kabi atak-chechak bilan yurishga oʻrgatiladi. Qamoqdan chiqib kelgan bolaning ruhiy ahvoli ham shunga oʻxshash boʻladi. U necha yil oʻtirganidan qat’iy nazar, ozodlikdagi hayot tarzidan ancha uzoqlashgan boʻladi. Uning suhbatlashishdagi qoʻpolligi, nooʻrin soʻzlarni koʻp ishlatishi, ovqatlanishdagi shoshishi, atrofidagilarga gumonsirab boqishlari - bular boshqalar ham sezishi mumkin boʻlgan oʻzgarishlardir. Ularning ichki tuygʻulari - oʻzgalar uchun yopiq qasrdir. Qamoqdan qutilib chiqqan oʻsmir umid qilgani - ozodlikda oʻzini noqulay xis qila boshlaydi. Hatto ota-onasi yaqinlari bilan suhbatlashishdan lazzat olmaydi. Balki oʻrganib qolgani jinoyat olamining fuqarolari bilan gaplashib oʻtirishni qoʻmsaydi. Uyidagilar davrasida xomush oʻtirgan chogʻida qamalib chiqqan biron odam yoʻqlab kelsa, uning chehrasi ochiladi. Oʻsha odam bilan suhbatlashishni istaydi. Uning bu holatini qamoqqa qaytish ilinji bor ekan, deb baholamaslik kerak. Zero, ayrim oʻsmirlarni aynan shu qoʻmsash jinoyat olamiga qaytaradi. Shu oʻrinda mantiqsizlik borday koʻrinadi: oʻsmir tutqunlik davrida ozodlikka intildi, koloniyadagi tartiblardan bezdi. Endi oʻtmishni qoʻmsashini nima deb asoslash mumkin? Qamoqda oʻtgan oylar, yillar begonalar bilan yaqinlashtirdi, ayni choqda esa yaqinlaridan uzoqlashtirdi.

Agar bola oʻgʻirligi uchun qamalib chiqqan boʻlsa, undan hadiksirash boshlanadi. Qarindoshlarinikiga borsa «biron narsani oʻmarib ketmasin», deb izidan koʻz uzishmaydi. Militsiya ham uning tavbasiga ishonmay, nazoratini susaytirmaydi. Bola koloniya tutqunligidan ozod boʻlsa-da, har tomonlama nazorat tutqunligida qolib asabiylasha boshlaydi. Ochigʻini aytadigan boʻlsak, qamoqdan chiqqan oʻsmirni jamiyat quchoq ochib kutib olmaydi. Aksincha jinoyat olami quvonib qarshilaydi. Kerakli narsalar, xususan mablagʻ bilan ta’minlaydi. Oqibatda toʻgʻri yashash istagida chiqqanlarning ayrimlari tavbalarini unutadilar.

Qamalib chiqqanlarni birov ishga qabul qila qolmaydi. Ular avvalgi ishlariga ham qaytolmaydilar. Kompyuter oʻyinxonasining boshligʻi shunday bolani ishga qaytib olmadi. «Komyuterlarim oʻgʻirlansa kim toʻlaydi?» dedi. Moddiy tomondan qaralsa, u haq. Lekin uni ma’naviy tomon mutlaqo qiziqtirmaydi. Qamalib chiqqan bola undan oʻch olish uchun ham oʻyinxonasini oʻmarib ketishi mumkinligini oʻylamaydi.

Ch. ismli oʻsmir bezoriligi uchun ushlanib, qamalishi lozim boʻlganida u ishlaydigan korxona oʻrtaga tushib, kafillikka oladi. Bu albatta, olijanoblik belgisi. Ammo kafillikka olish - qamoqdan qutqarib qolishgina emas. Korxonaning kafillikka olgani - shu yigitchani oʻzimiz tarbiya qilamiz, degan va’dani anglatadi. Ch. qamoqdan qutilib qolgach, ikki oydan soʻng ishdan boʻshab ketadi. Korxona uni olib qolishga harakat ham qilmaydi. Kafillikka olishga olib qoʻyib, keyin «bitta bezoridan qutulsak qutulibmizda», deydi. «Kishini mehnat tarbiyalaydi», deymiz. Bu haqiqatni inkor etmaymiz. Ammo har qancha ishlashga majbur qiling, agar ma’naviy kamolot masalasi hal etilmasa, bu zoʻraki mehnat ijobiy samara bermaydi. Korxonada ma’naviy kamolot masalasi bilan shugʻullanuvchi odam yoʻq edi. Ch.dan ertadan kechgacha dastgoh yonidan jilmay ishlashni talab etishdi. Kunda necha martalab uni qamoqdan olib qolishganini ta’na qilishdi. Ch. bu yerdan ketdi-yu, ozod qushga aylandi va nodon qush kabi yana tuzoqqa ilindi. U bir yarim yil koloniyada oʻtirib, yaxshi xulqi uchun muddatidan ilgari ozod qilindi. Avval ishlagan joyiga qaytmoqchi boʻldi. Olishmadi. Qamoqdagi «zoʻr»larning tavsiyasi bilan kattalar toʻdasi uni bagʻriga oldi.

K.ning taqdiri oʻzgacharoq boʻldi. U qamoqdan chiqib ota-onasi yoniga qaytmay, shaharda yashaydigan buvisinikiga keladi. Shu yerda yashab, toʻgʻri yoʻlga tushishni niyat qiladi. Ammo ishga joylashishga ulgurmay buvisi vafot etadi. Uyni nabirasi nomiga vasiyat qilgan boʻlsa-da, K. shahar roʻyxatiga(propiskasiga) olinmaydi. Bu degani uni birov ishga ham ololmaydi. Oqibat K. ham jinoiy toʻdadan panoh topadi.

Qamalganlarning aksari ishdan yoki oʻqishdan haydalishgan boʻlishadi. Korxona va muassasalar 18 yoshga toʻlmagan oʻsmirni oʻz xohishicha ishdan boʻshatishga haqli emaslar. Ular bunday hol yuzaga kelganda voyaga yetmaganlar bilan ishlash komissiyalari bilan maslahatlashgan holda ma’lum bir qarorni qabul qilishlari kerak. Bu oʻrinda qonunni buzsalar-da, hech kim ularga biron chora koʻrmaydi. Xatto sudda «shu oʻsmir ishdan haydalib koʻchada qolgani uchun jinoyat qildi», degan gapni eshitmaymiz. Aksincha uni shaxsini aniqlash jarayonida «yomonligi uchun ishdan ham haydalgan», deb ta’kid etiladi. «Bola yomon ekan, uni yaxshi toonga burish uchun qanday chora koʻrildi?» degan savol kun tartibiga qoʻyilmaydi.

Ayrim yillardagi kuzatuvlar natijasi shuni koʻrsatadiki, qamalganlarning 53-60 foizi jinoyat bilan qoʻlga olinguniga qadar biron yerda ishlagan, 35-40 foizi esa oʻqigan. 5-6 foizi hech qaerda ishlamagan, oʻqimagan. Demak, ishlagan va oʻqiganlar qamoqdan chiqib boradigan joylari tayin. Ammo... Hamma balo shu «ammo»da. Qamoqdan chiqqanlarning 10-15 foizi yarim yil orasida yana jinoyat bilan sudlanishining sababi ham oʻsha «ammo»da.

Qamoqdan chiqqan oʻsmirlarni kattalarning pishib-etilgan toʻdasi ehtiyotlik bilan qatoriga oladi. Ularga jiddiy ish topshirilmaydi. Ularga asosan dastyorlikni topshirishadi. Chunki ular oʻsmirlar bilan ishlashning xatarli ekanini bilishadi.

Oʻsmirlarni qatoriga bemalol tortaverishi mumkin boʻlgan toʻdalar asosan 20-25 yoshdagilar boʻlishadi. Yoki jinoyat olamida ishi yurishmagan yakka shaxslar ham oʻzlariga tortishga urinadilar. Oʻsmirlarni jinoyatga tortish qonun yoʻli bilan jazolanadi. Lekin ularni jazoga tortish oson ish emas. Z. ismli bola taksi yollab, ovloqroq yerga borganda haydovchining boshiga bolgʻa bilan urib behush qiladi-yu, pulini oʻmarib, qochadi. Buni bola oʻz tashabbusi bilan qilgan ham boʻlishi mumkin. Lekin ayni holatda unga qoʻshni uyda turuvchi S. ismli aroqxoʻr yoʻl-yoʻriq oʻrgatgan. Ammo bu aybni u boʻyniga olmaydi. Militsiya esa oqilona yoʻl tutib, Z.ni ham qoʻyib yuboradi. Oradan vaqt oʻtib, «ustoz-shogird» doʻkon qulfini buzishayotganida birgalikda qoʻlga olinadilar.

Jamiyatdan mehribonlik koʻrmagan oʻsmirlarning ayrimlari 2-3 yoki 4-5 kishi boʻlib oʻzlaricha toʻda tuzishlari ham mumkin. Lekin bu toʻdalarning umri uzoq boʻlmaydi. Tez orada qamoqqa qaytish bilan yakunlanadi. Qamoqdan keyingi chiqishida qanday dunyoqarashga ega boʻlishini aytish shartmikin?

Demoqchimizki, boʻysunmas bolalarni jinoyat jari yoqasida tutib qolish uchun qanchalik ziyraklik, mehr-shafqat, donolik zarur boʻlsa, qamoqdan chiqqanlar uchun bu e’tibor ikki karra zarurroqdir. Shuni nazarda tutib bir taklifni oʻrtaga qoʻymoqchimiz:

Qamoqqa tushgan oʻsmirlar va ozodlikka chiqarilganlar bilan ish yurituvchi bir xayriya jamgʻarmasi tuzilsa. (Ehtimol uning nomi «Shafqat» boʻlar?) Jamgʻarma bolani qamoqqa tushgan onidan boshlab nazoratiga olsa. Ya’ni vaqti-vaqti bilan undan xabardor boʻlib tursa. Lozim boʻlganida koloniya ma’muriyati oldida uning huquqini himoya qilsa. Agar bolaning ota-onasi yordamga muhtoj boʻlsa, ularga ham koʻmak berib tursa. Xullas, tutqun oʻsmir oʻz atrofida mehribonlar borligini, ozodlikka chiqsa xor boʻlmasligini xis qilib tursa. Jamgʻarma faollari uni qamoqdan chiqib kelishidan kutib olishsa. Ozodlikdagi hujjatlarini rasmiylashtirishni tezlatishga yordam berishsa. Xullas, barcha sohada uning huquqlarini himoya etsa. To ishga joylashib, oʻzini oʻnglab olguniga qadar moddiy jihatdan ham koʻmaklashib tursa. Xullas, adashgan oʻsmirning hayotdagi oʻz oʻrnini topishi uchun nimaiki zarur boʻlsa, shu ishlarga mas’ul boʻlsa, qamoqxonaga qaytarib boradigan yoʻllar tamoman berkilarmidi...

Qamoqdan chiqib kelgan oʻsmirning koʻngli oʻksik ekanini zinhor unutmasligimiz kerak. Koʻngli choʻkkan odamning koʻnglini koʻtarmoqlik, savob deydilar. Hazrat Navoiy buning savobini buzilib yotgan Ka’bani obod qilish martabasiga tenglashtiradilar. Deydilarkim:

Kimki, bir koʻngli buzuqning xotirin shod aylagay

Onchi borki, Ka’ba vayron ersa obod aylagay.

Va nihoyat:

Va nihoyat, fikrlarimizni xulosalash fursati yetdi.

Avvalo fikrlarni bayon etmogʻimizda kuch-quvvat bergan, toʻgʻri yoʻlni koʻrsatgan robbimiz Ollohga shukrlar qilamiz. Biron yerda adashgan boʻlsak tavba qilamiz va siz azizlardan, ham uzr soʻraymiz. Vaqtingizni ayamay biz bilan muhim bir masalada hamsuhbat boʻlganingiz uchun rahmatlar aytamiz. Olloh to qiyomatga qadar zurriyodlaringizni jinoyat olami balolaridan asrasin.

Hazrat Navoiy degan ekanlarkim:

Kimsa ming yil komronlik qilsa bilkim, arzimas

Dahr aro bir lahza boʻlmoqqa birov komi bila.

(Aytilmoqchikim, ming yil murodu maqsadingga yetib shodu xurramlikda yashaganing oʻzgalarni murodiga yetkazmakka sarf etgan bir lahza umringga arzimaydi.)

Kamina ham shu niyatda sizlarni - ota-onalar va tarbiyachilarni suhbatga chorlagan edim. Gapni muxtasar qilolmagan boʻlsam, aybsitmang. Masala shunchalik muhim edi-ki, uch-toʻrt soʻz ila bayon etmoqlikning imkoni boʻlmadi. E’tiboringizga havola etilgan misollar va raqamlar bir oyning yoki bir yilning mahsuli emas. Kuzatishlar koʻp yillar davomida olib borildi. Suhbatimizda keltirilgan ayrim raqamlar ba’zi birodarlarimiz uchun balki eskirib qolganday tuyular. Ehtimol «qamalib chiqqanlarning 10 foizi yarim yil ichida yana qamoqqa qaytadi», degan misolimiz 2002 yilda sakkiz yoki oʻn ikki foizni tashkil etgandir. Biz bu oʻzgarishlar mumkinligini inkor etmaymiz. Bizni oʻylantiradigan, tashvishga soladigan narsa raqamning katta yoki kichikligi emas, balki shu holning mavjudligi. Qamalib chiqqanlarning 1-2 foizi yana qamalsa ham biz e’tiborimizni susaytirmasligimiz kerak. E’tiborimiz susaydimi, demak, bu raqam kelgusi yili 20 foizni koʻrsatib qoʻyishi ham mumkin.

Oʻsmirlar ruhiyatini tahlili jarayonida bayon etilgan fikrlarga qoʻshilmasligingiz yoki ularni butunlay rad etmogʻingiz ham mumkin. Biz mutlaq toʻgʻri fikrga da’vo qilmaymiz. Biz bayonlarimizni e’tiboringizga havola etib nazariya yaratishni maqsad qilib qoʻymaganmiz. Shubhasizki, bu masalalarni bizdan koʻra yaxshiroq biladigan, yaxshiroq idrok etadigan olimlarimiz ham koʻp. Kamina olim emas, balki, huquq ilmidan bir chimdim, ruhshunoslik ilmidan bir chimdim biladigan bandadir. Umid ulki, olimlarimiz bu mavzudagi suhbatni davom ettirsalar, oʻsmirlarning ruhiy olamiga doir yaxshi-yaxshi risolalar bitib xalqqa in’om etsalar. Ularning bunday xayrli ishlariga Ollohdan madad soʻraymiz.

Duo qilamiz: hech kimning suyukli farzandi jinoyat koʻchasiga yaqin ham kelmasin. Farzand dunyoga kelganda, ota-ona qalbida tugʻilgan shirin orzu-umidlar amalga oshsin. Olloh hech bir bandasini hidoyatdan adashtirmasin. Omiyn ya Rob al-olamiyn.

«Ma’rifat»; gazetasidan olindi.

II- qism
 
Keyingi