OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiKimga mazza? (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/05
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kimga mazza? (hajviya)
Tohir Malik

Yoʻqqulobod Hangomalari

«Yoʻqqulobod» deganlari qayda ekan, deb bosh qotirmang. Bunday kichkinagina mamlakatning qaerda joylashganini oʻzimiz ham yaxshi bilmaymiz. Ehtimol, bizning qit’amizdadir, balki oʻzga sayyoradadir? Shu keyingisi toʻgʻriroq boʻlsa kerak. Chunki oʻn sakkiz ming olam orasida biznikiga oʻxshagan yana bitta sayyora boʻlishi ehtimoldan holi emas. Hamonki oʻsha sayyora biznikiga oʻxshaydimi, demak, uning hangomalari ham bizga yaqin boʻladi-da! Hali biz u sayyorani kashf etganimiz yoʻq. Lekin ular bizni allaqachon kashf qilib, kuzatayotganlariga ishonmaysizmi? Qachonlardir ular samoviy kemalarida uchib kelishar. Ungacha esa hangomalarini havo toʻlqinlari orqali yuborishibdi. Bizdan nima ketdi, eshitsak eshitibmiz-da! Ogohlantirib qoʻyaylik: agar hangomalarning birida qoʻshningizga oʻxshagan odamni uchratib qolsangiz, ajablanmang. U sizning emas, oʻn sakkiz ming olam doirasida joylashgan Yoʻqqulobod sayyorasida yashovchi Gʻoyibqulning qoʻshnisi.

Kimga mazza?

«
Ikki qultumgina lof sharbatiga muhtoj hangoma
»

Birodar, men sizga bir telbanamo savol berayinu ammo siz ajablana koʻrmang. Donishmanddan «telbanamo savoldan durusti nadur?»- deb soʻralganida u «telbanamo savoldan durusti - tentaknamo javob erur»,- degan ekan. Savolim bunday: tasavvur qilingkim, kamina bir homiyning sarmoyasi ila chiqadurgʻon gaznitning muxbiridurman. Gaznitning nomini asti soʻramang. Ammo-lokigin Yoʻqqulobodimizda chiqadurgʻon «Burgachi»mi, «Bitliqi»mi, «Teskari koʻngil»mi deganlarigʻa oʻxshata koʻrmangkim, alarga oʻxshashdin Xudoyim asragʻay! Bizning gaznit ular kabi ming-minglab nushada chop etilmagaykim, zotan, «bemaza qovunning urugʻi koʻp boʻlgʻay»,-demishlar donolar. Bizning gaznit bir bilan bir yarim mingning orasinda tebranib tursa-da, oʻladirgʻon emasdur va oʻlim nishonasidin hiyla uzoqdur. Maosh va «gonorar» atalmish tiriklik suvining qurishidan tashvishimiz ham yoʻqdur.

Xoʻsh, endi asosiy telbanamo savolimizgʻa kelsak: ayting-chi, bu sohada kaminaga mazzami yo chet ellik, aytaylik amerikalik muxbirga mazzamikin? Ba’zilar borkim, horijdagi hayotni havas qilurlar. Be, havasginangga qurt tushgur, oʻsha ham hayot ekanmi! Mana, oʻsha amerikalik muxbirning maqolasi gaznitda chiqdi, deyluk. U nima qiladi? Qalam haqini olib, oshnalari bilan ulfatchilik qiladimi? Be, qayoqda! U endi ertasini oʻylay-oʻylay ado boʻladi. Yursa ham oʻylaydi, tursa ham oʻylaydi. Hatto, birovga aytmang-u oʻynashining quchogʻida yotgan chogʻida ham «ertaga nima yozsam ekan?» deb toʻlgʻonur. Oʻylamasun-chi, hammani qoyil qiladurgʻon mavzu topib, maqola yozmasun-chi, kattasi chaqiradi-da: «Toshingni ter, bola», deb surobini toʻgʻirlab qoʻyadur. Kamina-chi? Mening hayotim boʻlak, jannatning oʻzginasi. (Atrofimda huriliqolar yoʻq xalos. Koʻchadagi huriliqolarga esa «tiriklik suvi»ning choʻgʻi pastroq keladikim, bu jiddiy mas’ala emasdur va daf’atan chalgʻimayluk, oshnalar.)

Aytaylik, gaznitda mening maqolam chiqdi. Bu yogʻi kechgacha taralla bedod, yalla! Choyxonaga borurman, palovxontoʻra bilan tillashurman (toʻgʻri anglankim, bir lagan emas, bir kosa). Bekorchi quloq topilsa, sayrab ham berajakman. Ertani oʻylab tashvish chekmoqlik kaminaga yot erur. Sababkim, kechga yaqin boshligʻim chaqirishini bilurman. Boshligʻimni Xudo bergan, bunaqasi yetti iqlimda yoʻqdur. Imloda oʻn ikkita harf bor, desangiz ham koʻnadirgʻon moʻmin inson. Derlarkim, toʻrtinchi sinfdaligida boshi toshga urilib, (ehtimol, tosh boshga urilgandir) oʻqishni ham qoyillatgan ekanlar taqsirim. Ammo kaminani bu mutlaq qiziqtirmaskim, ul zotning homiyimizgʻa qarindoshligi ham oʻninchi darajotdagʻi bir mas’aladur.

Xullas, boshi tosh bilan oshno boʻlgʻon oʻshal boshligʻim chaqirur-da: «Gaznitimiz homiysi Falonchixoʻja akamizning sigirlari ikkita tugʻibdi, shuning kiftini keltirib yoz, okovsi»,- der. Aytish xoʻjayindan - yozish kaminadan. Xonamga chiqqanim hamon Falonchixoʻjaning uyiga telpon qilurman. Sigirning rangini soʻraydurman. Boshqa gapga na hojat? Sigirning toʻrt oyogʻi, bitta dumi boriligini oʻzim ham bilurman. Ertalabgacha gaznitning bir betini bezaydurgʻon quling oʻrgulsun maqola tayyor boʻlur. Faqat topshiriqqa jinday tahrir kiritishga jur’at eturman: maqolada homiyning ola sigiri boshligʻim aytganiday ikkita emas, uchta tugʻdi. Ha, endi badiiy toʻqima ham kerak-da. Odamlar homiy janoblarining bekor oʻtirmaganini bilib qoʻyishsun-da. Ammo, bir gap aytaykim, birov zinhor bilmasun, rosti - homiy janoblarining sigiri umuman yoʻq. Ammo bu kaminani mutlaq qiziqtirmaydurgʻon mas’aladur. Xomiyning sigiri boʻlmagani bilan menga yuklangan topshiriq bor erur va men uni qoyillatgʻanim ham rostdur. Gap sigirning yoʻqligida ham emasdur, bil’aks, yoʻq narsalargʻa oʻqigʻuvchini ishontirmoqdadur. Maqola gaznitda chiqdi. Choyxonaga bordim. Palovxontoʻra bu safar ham kaminadan ranjimadilar. Kechka tomon yana xoʻjayin chaqirdilar: «Maqolang yana bir homiyimiz Pistonchixoʻjaga yoqibdur. Endi uning tovugʻini yozasan». Buyurish xoʻjayindan - yozish kaminadan. Bunaqa tovuqlarni yozaverib, pishib ketganmankim, hatto qalamim ham ba’zan qaqagʻlab qoladigʻanday. Qandayin tovuq bu, deyurmisiz? Ha, ha, oʻzimizga tanish oʻsha xoʻrozning xotini-da!

Amerikalik muxbir ertaning tashvishini qilib yotganida kamina uyga betashvish ravishda kelurman, betashvish holda ovqatlanurman. Betashvish yotib, betashvish turaman-da, betashvish ishga joʻnayman. Nechun tashvish chekay, birodar? Qoʻlimda Pistonchixoʻjaning tovugʻi haqidagi maqola. Tovuq «prostoy» emas, kunda ikkitadan tuxum tugʻadi: ertalab kumush tuxum, kechqurun oltin tuxum. Yoʻl-yoʻlakay bir gaznit sotib olaman. Oʻqishgamas, be, oʻzim gaznitchi boʻla turib gaznit oʻqiymanmi. Bu gaznitda yaxshi krossvordlar boʻladi. Mana kecha «toʻp tepishni bilmaydurgʻon, ammo chiranishda olamni lol qoldirgʻuvchi futbol komandalari qaysi mamlakatda mavjud?»- degan savolga javob topa olmadim. (Topishga topdim, harflar katakchaga toʻgʻri tushdi-ku, ammo javob birovgʻa aytadurgʻon emas. Siz ham bilurmisiz? Bilsangizda... jim. Ha, barakalla!)

Xullas, maqolani xoʻjayinga berdim. Gaznit chiqay deganda urdi Xudo! Homiy Pistonchixoʻja janoblari fikrlarini oʻzgartiribdilar: u kishiga tovuq yoqmay qolgʻon erkan, endi xoʻroz haqida yozmoq shart erkan. Bizning ishda shunaqa ogʻirchiliklar ham boʻlib turadi, birodar. Lekin biz tushkunlikka tushadurgʻon anoyilardan emasmiz. Maqolani bir zumda oyogʻini osmondan keltirdim-u tuzatdim. «Tovuq» degan joylarni «xoʻroz» deb oʻzgartish bilan ish pishdi. Bitta joyi sal xato ketibdikim, ertasiga gaznit chiqqanda bilduk. Kamina ta’rifu tavsif etgʻon xoʻroz janoblari kunida ikkita tuxum tugʻarkanlar: ertalab kumushu kechqurun oltun! Xoʻjayin «bu qanaqasi?» deb dargʻazab boʻlgʻon erdilar, «akaxon, bu xoʻroz qoʻshma korxona erur, qoʻshma korxonadan esa har balo kutmoqlik joizdur», deb «suvab» tashladim.

Bor gap shu birodar. Ana endi ayting-chi, kimga mazza, kaminagami yo amerikalik bechoragina muxbirgami? Darvoqe, sizga endi bir aqlli gap ayturmankim, siz zinhor bazinhor ranjimagʻaysiz: mabodo uzoq chet elda qarindosh muxbirlar yoʻqmi? Bor boʻlsa, uni chaqiring, u yoqlarda ezilib yurmasun. Gaznit chigʻarishga himmat qoʻlini choʻzgʻuvchilarimiz koʻp. Bizda, amerikaliklar aytganday, hamma narsa o, key! Endi uzr, meni xoʻjayin chaqiryaptilar, yangi topshiriq olajakman. Birorta homiyning mushugi mov boʻlgan boʻlsa keragov...