OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

4 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiKimlardir toʻqigan latifalar
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/05
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kimlardir toʻqigan latifalar
Tohir Malik

Ozoda xotin

Oyogʻi terlaydigan erga ozoda xotin uchrasa, dardini kimga aytsin?

Ozoda xotin bu oqshom eri bilan teatru tomoshasiga bormoqlikni ixtiyor etdi va dedi:
-Oyogʻingizni uch marta yuvib, yaxshilab quritib, keyin yangi paypoqni kiyib oling!

Er buyruqni ado etdi. Teatruga borib oʻtirganlarida ozoda xotinning burniga tanish hid urilib, burnini jiyirdi-da, erining bilagidan chimchiladi:
-Oyogʻingizni yuvib, yangi paypoq kiying devdim-ku?!
-Aytganingizni oshirib bajardim, xonim. Uch marta emas, besh marta yuvdim.
-Yuvmagansiz! Oyogʻingizning sassigʻidan dimogʻim yorilib ketay deyapti!
-Ishonmasligingizni biluvdim,-dedi xoʻrsinib er,-shuning uchun eski paypogʻimni choʻntagimga solvoluvdim, mana, qarang.

Ozodlik

Er-xotinning turmush qurganlariga ertaga oʻn besh yil toʻladi. Bu muborak kun arafasida xotin shirin umidlar qanotida uchayotgan edi:

«Ertaga erim menga nima sovgʻa qilar ekanlar? Etik olganlari yaxshimi yo paltomi? Balki ikkalasini olib kelarlar? Zargar oʻrtoqlari anavi kuni tilla zanjir haqida bir nima deyayotgandek boʻluvdi-ya...»

Toʻy kuni erning ham yodida, ammo uning xayoli xotinnikidan oʻzgacharoq edi:

«Agar nikoh kechasi shu badbaxt xotinni boʻgʻib oʻldirganimda oʻn besh yilga qamashardi-yu ertaga ozodlikka chiqib kelgan boʻlardim...»

Va’da

-Toʻydan oldin qanaqa va’dalar bergan edingiz?-deb nozlanib soʻradi xotin.

Er oʻylab ham oʻtirmay, dadil javob qaytardi:
-Va’dalarim esimda: osmondagi yulduzlarni olib beraman, Oyni hatto Quyoshni ham olib kaftingga tutqazaman, deganman. Lekin har yili yangi palto olib beraman, demaganman.

Qoʻrqinch

-Shikoyatingizga tushundim,-dedi psixiatr bemorga.-Demak, alaq-chalaq tushlar koʻrasiz: sizni qandaydir yovuz kuchlar ta’qib qiladi, tutib olib uradi. Bu ham yetmaganday baqirayotganda uygʻonib ketasiz-u bu dahshatlardan qutulasiz, shundaymi?
-Hamma gap shunda-da, doʻxtir,-dedi bemor yigʻlamsirab,-dahshat toʻxtamaydi, davom etadi. Uygʻonishim bilan «yalpayib yotavermasdan tursangiz-chi, bolani bogʻchaga olib borishingiz kerak!» degan chinqiriqni eshitaman.

Quvonchdan oʻlgan odam

Ikki marhum bir kunda yonma-yon qabrga qoʻyilibdi. Biri zerikib, ikkinchisinikiga moʻralab, tanishibdi. Dilkash suhbat quribdilar.
-Sen nega oʻlding, doʻstim?-deb soʻrabdi biri ikkinchisidan.
-Xursand boʻlib ketganimdan yuragim yorilib oʻldim,-debdi ikkinchisi.
-Ie, odam qaygʻudan oʻlardi, seniki qiziq-ku, qani, ochiqroq ayt-chi?-debdi birinchisi.
-Oʻrtoqlarim nuqul xotinimni yomonlashardi. Bir kuni «xotining oʻz uyingda oʻynashi bilan birga», deb xabar berishdi. Gʻazablanib keldim. Xotinim rostanam uyda edi. Hammayoqni qidirib chiqdim: javon ham qolmadi, karavotning tagi ham qolmadi. Hatto qozonning ichini ham qaradim. Oʻynashni topolmay quvonganimdan oʻlib qoldim,-debdi ikkinchisi.
-Ey ahmoq,-debdi birinchisi afsus bilan,- muzlatgichning ichini ham qaraganingda, ikkalamiz tirik qolgan boʻlardik...

Did

Er xastalansa, xotinning mehri daryo boʻlib toshib ketishi barchaga ma’lum. «Siz kasal boʻlguncha, shu kasallikni Xudo menga bera qolmaydimi?» deguvchi tanti xotinlar ham uchraydi. Shunaqalardan biri bemor eri yonida diy-diyo qilib, koʻzlarini yoshlab oʻtirgan edi. Er unga qarab: «Nima deyapti bu esi past! Oʻzidagi kasallik turi yetib ortgulik-ku, yana mening dardimni ham olarkanmi? Boʻlmagan gap! Kasalimni olish oʻrniga oʻzinikini menga qoplab hadya etishlari mumkin», deb oʻylandi-da, hazin jilmayib dedi:
-Xonim, yuzingizga bir oz pardoz berib, eng chiroyli koʻylagingizni kiyib chiqing.

Xotin bu amrni bajo keltirib, yana eri yonidan joy oldi-da, «meni nega yasantirdingiz?» deb soʻradi.
-Xonim, ahvolimni koʻrib turibsiz, agar Azroil hazratlarining kelish vaqtilari yetgan boʻlsa, oʻzlari koʻrarlar. Yoshligingizda goʻzalligingiz bilan koʻpning hushini olardingiz. Bu goʻzalligingizni hali ham yoʻqotmagansiz. Azroil hazratlarida ham did bordir. Kim xunuk, kim goʻzal, bilib olib ketarlar... –dedi bemor er.

Kimga oʻxshaydi?

Bir polvon odam oʻgʻil koʻrdi. Tugʻruqxonaga kelib, baland ovozda xotinini chaqirdi. Xotini derazadan qaragach, kerilib, yanada baland ovozda «Polvoncha qalay, kimga oʻxshaydi?» deb soʻradi. «Xuddi oʻzingizga oʻxshaydi», degan javobni kutib qaddini gʻoz tutdi. Sodda xotin esa uyalinqirab dedi:
-Voy dadasi, siz u kishini tanimaysiz...

Navbati bilan

Chol bilan kampir seruyqu va gʻoyat yalqov kelinlarini tarbiya qilmoqning yangi usulini oʻylab topdilar. Ertalab turdilar-da ikkovlari supurgi talasha boshladilar:
-Bugun hovlini men supuraman!-dedi chol zarda bilan.
-Nega siz supurar ekansiz, men supuraman,-deb zorlandi kampir.

Shu tarzda yarim soatcha gʻalva qilishgach, deraza qiya ochilib, kelin koʻrindi. Uyqusiragan koʻzlarini arang ochib, ularga norozi qiyofada qaradi-da, bir esnab olib, murosaga keltirdi:
-Voey, yosh bolaga oʻxshaysizlar-a, oyijon, nimaga talashasiz? Bugun adajon supursinlar, ertaga siz supurasiz. Navbatma navbat supurishga ham aqllaringiz yetmaydimi?...

Telegramma

Xasislikda tengi yoʻq bir odam Moskva sayohatiga otlandi. Samolyot qoʻnishi bilan xotinining iltimosi esiga tushib, telegramma joʻnatish uchun pochtaga kirdi. Xotiniga boʻlgan mehr-muhabbatini ayon qilib qoʻyish uchun chiroyli qilib yozdi:

«Jonginam, Moskvaga eson-omon, befalokat uchib keldim. Sogʻ-salomatman. Seni oʻpaman».

Pochtachi soʻzlarni sanab, hisob-kitob qilib bergan edi, toʻlaydigan pulni koʻrib, kapalagi uchib ketdi. Telegrammadan voz kechay desa, xotiniga va’da bergan. Oʻylay-oʻylay soʻzlarni qisqartira boshladi.

«Jonginam», deyishim shartmas. Kechalari ming martalab aytganman», deb birinchi soʻzni oʻchirdi. «Eson-omon, befalokat uchib kelganimni aytishim shartmas. Falokat boʻlganida uchib kelib, telegramma bermas edim-ku? Xotinim aqlli, bu yogʻini oʻzi bilib oladi», deb bu soʻzlarni ham oʻchirdi. «Uchib keldim», deyishim shartmi? Samolyotda uchmay eshak aravada kelibmanmi bu yerga?», deb bu soʻzni ham oʻchirdi. «Sogʻ-salomatligim aniq-ku? Uydaligimda soppa-sogʻ edim, nima, toʻrt soatda ayniymanmi?» deb yana oʻchirdi. «Qaysi kalla bilan «seni oʻpaman» deb yozdim? Telegrammada ham oʻpish mumkin ekanmi?» dedi-yu buni ham oʻchirdi. Qarasa, telegrammada «Moskva» degan soʻz bilan oʻzining ismi qolibdi. «Moskvaga uchmay Berlinga uchibmanmi, xotinim biladi-ku», deb buni ham oʻchirdi. Keyin «xotinim ismimni biladi», deb oxirgi soʻzni ham oʻchirgach, oʻylandi: «Telegramma yuborish shartmi? Agar falokat boʻlib, samolyot portlasa, radiodami yo televizordami e’lon qilishardi, xotinim shundan bilardi. Falokat haqida xabar yoʻqmi, demak, yetib kelganim aniq. Bir haftadan keyin qaytib boraman. Eson-omon uchganimni oʻshanda aytaman. Aytaman-u rosmanasiga oʻpib qoʻyaman».

Kuchli dori

Bir kishi shoshilib kirib xotinini chaqirdi-da, koʻylagini koʻtarib «Belimga tupur», deb buyurdi. Xotin uning bu amridan ajablandi.
-Boʻlaqol, belim ogʻrib, jonimni olyapti. Doʻxtirga borgan edim, ilonning zahrini surting dedi. Dorixonada bunaqasi yoʻq ekan. Oʻzing tupurib qoʻya qol, tilingga tegib chiqqan tupuging oʻnta ilonning zahriga tatiydi.

Jamoa jam

Sayyohlarning kemasi dengiz oʻrtasida halokatga uchrab choʻka boshladi. Bir kishi yigʻlab, Allohga munojotni boshladi:
-Ey Xudo, bilaman, gunohlarim koʻp. Buzuqlik ham qildim, pora ham oldim, gʻiybatdan, fitnadan tiyilmadim. Endi bitta meni deb shuncha odamni choʻktirasanmi?

Shu onda unga bir ovoz keldi-ki:
-Ey banda, sen kuyinma, kema faqat sening gunohing uchun choʻkayotgani yoʻq. Xudo bu kemaga oʻzingga oʻxshaganlarni toʻplagan...

Tayyormisan?

Tabiati buzuq odam gunohlarining jazosidan qoʻrqqan mahalda oʻzicha chalama-chatti ravishda, betahorat boʻlsa-da, namoz oʻqib qoʻyardi. Navbatdagi qoʻrquv yuragiga oralaganda niyat qilib, quloq qoqdi-da, rukuga bordi. Shunda koʻz oldida bir sohibjamol paydo boʻldi:
-Sen kimsan?- deb soʻradi.
-Men shaytonman, seni yoʻldan urgani keldim,-dedi sohibjamol tasviri.
-Meni yoʻldan urishning sirayam hojati yoʻq, oʻzing tayyormisan?

Sigʻmayapti...

Mehmondorchilikda oʻtirgan ota oʻgʻilning osh oshalashidan hijolat boʻlib, uni tartibga chaqirmoqchi boʻldi:
-Oʻgʻlim, uchtadan goʻsht qoʻshib oshalayapsizmi?
-Ha, dada, toʻrttadan olay desam, kaftimga sigʻmayapti.

Yana oling

Mezbon mehmonga iltifot qildi:
-Somsa sovumasin, olsinlar, taqsir.
-Xoʻp ajoyib somsa boʻlibdi. Toʻrttasini yeb, toʻyib qoldim.
-Taqsir, beshta yedingiz, yana bitta oling, juft boʻla qolsin.

Taom dardi

Ogʻzida bironta ham tishi yoʻq qariya bilan oʻspirin birgalida ovqatlanib oʻtirishardi. Ikkovi baravariga yigʻlab yuborishdi.
-Nega yigʻlayapsiz? –deb soʻrashdi qariyadan.
-Ogʻzimda tishim yoʻq, to men yamlab yutgunimcha bu yigitcha ovqatni paqqos tushirib , men och qolaman.
-Sen nega yigʻlayapsan?-deb soʻrashdi oʻspirindan.
-Bu cholning tishlari yoʻq, men to chaynab yutgunimcha u chaynamay yutib, ovqatning barakasini uchirib yuboradi...

Yigirmata qoʻy

Bir masjid qorovuli imom-xatibning yangi sallasiga hushi ketib, bir kiyib koʻrmoqchi boʻldi. Sallani boshga qoʻndirgan mahalda bir odam masjidga kirib kelib, uni imom deb oʻyladi-yu, qaygʻusini bildirdi. U kishi sallali odam ulugʻ boʻladi, degan oʻyda, dardini ochiq aytdi:
-Mening farzandim yoʻq. Lekin bir itim bor edi. Yigirma yil boqdim, oʻz farzandimday boʻlib qolgan edi. Bugun oʻlib qoldi. Shuni odamga oʻxshatib koʻmmoqchiman. Uyimga borib, itimga janoza oʻqib qoʻysangiz.

Qorovul itga janoza oʻqilganini eshitmagan edi. Shu bois «Qanday boʻlarkin?» deb mujmal javob berdi.
-Faqat mumkinmas, demang, men sizga yigirmata qoʻy atab qoʻyganman,-dedi u kishi yalinib.

Yigirmata qoʻyning daragini eshitgan qorovulning esi ogʻib qoldi. Janoza oʻqishni mutlaqo bilmasligini ham unutib, u kishiga ergashdi. Itning jasadi oq choyshabga oʻralib, hovlida goʻr ham qazib qoʻyilgan edi. Sallali qorovul jasad yonidan joy olib, quloq qoqib, qoʻl bogʻladi. Oʻqiladigan duolarni bilmagani uchun oʻzining kasbini qila qoldi. U oʻttiz yil badalida kolxozda hisobchi boʻlib ishlagan edi. Uch-toʻrt nafasning ichida yigirmata qoʻyning bozor narxida necha pul boʻlishini hisoblab chiqdi. Mutavalli sezib qolguday boʻlsa, unga qanchasini berishni chamalagach, duoga qoʻl ochdi.

Ertasiga uning bu qilmishi mutavalliga yetdi. «Alif»ni kaltak deydigan, ikkita kichik surani yigirma yilda arang oʻrganib olgan mutavalli itga janoza oʻqish mumkin yo mumkinmasligini aniq bilmasa-da, tavakkaliga oʻdagʻaylashni boshladi, eshakka teskari mindirib, sazoyi qildiraman, deb poʻpisa ham qildi. Qorovul hisobchi boʻlib ishlab yurgan paytlarida tekshiruvchilar kelib «qamataman», deganda ham u chorasini topardi. Bu safar ham mute holda qoʻl qovushtirganicha dedi:
-Taqsirim, itga janoza oʻqish mumkinmasligini bilaman. Gunohi menga. Lekin itning egasi yigirmata qoʻy bermoqchi edi. Yoʻq, deya olmadim. Qoʻylarning oʻn beshtasini sizga ajratib qoʻydim.
-Rostdanam yigirmata qoʻy berdimi?-dedi chala mutavalli shashtidan tushib.
-Ha, atab qoʻygan ekan,-dedi qorovul.
-Unda darrov tur, -dedi mutavalli shoshilib,-fotihaga borib kelaylik.

Bordilar. Fotiha oʻqib, it egasining koʻnglini chogʻ qildilar. Qaytayotganlarida mutavalli toʻxtab, peshonasiga bir shapati urdi:
-Obbo, esdan chiqibdi-ku?-dedi.
-Nima?-deb qiziqdi qorovul.
-Yigirma oshi qachon boʻlishini soʻramabmiz-ku, bor, bilib kel.

Keyingi juma

Oʻsha mutavalli bir yigʻinda koʻp soʻzladi. Birovlardan eshitganlarini yarimta-yurimta qilib gapiraverdi. Oxirida juma kuni oʻlishning ulugʻ ne’mat ekanini ham aytdi. Namozni boshlab, rukuga egilishi bilan yuragi oʻynab, bezovta boʻla boshladi. Namozni ham unutib, darhol Xudoga iltijo qildi:
-Ey Xudoyim, faqat bu juma emas-da, faqat bu juma emas-da...

Osmondagi mojaro

Turklarning odati boʻyicha, mayitni yuvish, kafanlash uchun gʻassolning uyiga olib boriladi. Togʻ etagidagi soy boʻyida yashovchi gʻassol yalqovroq edi. Pastdan suv tashib chiqishga erinib, mayitni koʻtarib, soyga olib tushdi. Ittifoqo mayit qoʻlidan chiqib, soyning tezoqar suvi oqizib ketdi. Gʻassol hech nima boʻlmaganday kulbasiga chiqib oʻtiraverdi. Mayitning egalari kelganda «Oʻliklaring hajga ketdi», dedi. Ular hayron boʻlishgan edi, tushuntirdi:
-Oʻlikni yuvib, kafanlashni boshlaganimda osmondan farishtalar tushishdi-yu «bu bandani Alloh sevardi, uning joyi hajda», deb olib chiqib ketishdi.

Mayitning egalari bu xushxabardan quvonib, izlariga qaytishdi. Ertasiga mayit soyning sayozroq joyida koʻrinib qoldi. Mayit egalari gʻassolga tahdid qila boshladilar. Shunda u dediki:
-Men kafanlayotganimda farishtalar uni osmonga olib chiqib ketishgan edi. Osmonda nima gap boʻlganini men qayoqdan bilay?

Suyukli xotin

Ruslarning «General boʻlishni orzu qilmagan askar askar emas», degan iborasini «Ikki xotin olishni orzu qilmagan er-er emas», deb oʻzgartirsak boʻlar. Ikki xotinning borligi yaxshi-yu, ammo ikki xarxashasi mavjudligi yomon. Chidaganga chiqargan-da! Bir kishi ikki xotin xarxashasiga chidab yashardi. Ikkoviga ham adolat qilardi. Biriga zirak olsa, ikkinchisiga ham ayni shunday sovgʻa olardi. Hatto tunni ham teng ikkiga boʻlardi. Ittifoqo, ikkala xotini ham bir soatda jon berdi. Odatga koʻra, mayit derazadan olib chiqilishi kerak. Uyning bittagina derazasi bor edi. Derazadan avval qaysi xotinni olib chiqsam ekan, deb koʻp oʻylandi. Oxiri adolat qilish maqsadida yana bitta deraza ochdirib, ikkala oʻlikni bir vaqtda ikki derazadan olib chiqartirdi. Oʻzining adolatidan koʻngli ravshanlashdi. Biroq, oradan yetti kun oʻtgach, katta xotini tushiga kirdi. Qarasa, xotin xafa emish. Nuqul «Siz baribir kichik xotiningizni yaxshiroq koʻrardingiz», dermish.
-Ikkovingni bir hilda yaxshi koʻrardim,-debdi er.
-Yoʻq, kichik xotiningizni yaxshiroq koʻrardingiz, shuning uchun ham uning oʻligini yangi derazadan olib chiqartirdingiz...

Shahid

Bir kishi xotinini sinamoq maqsadida uyiga yigʻlab kirib keldi.
-Dadasi, nima boʻldi?-deb choʻchib tushdi xotin.
-Podsho farmon chiqaribdi. Ikkita xotini borlar uyida oʻtirar ekan, bitta xotini borlar urushga ketar ekan,-dedi er.

Bu xabarni eshitib, xotin ham yigʻlay boshladi.
-Sen nega yigʻlayapsan?-deb ajablandi er.

-Dadasi mayli, urushga boravering, oʻlsangiz, shahid ketarsiz,-dedi xotin.