OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Tohir Malik. Koʻrichak (hajviya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiKoʻrichak (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/05
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Koʻrichak (hajviya)
Tohir Malik

Oʻtmishdan bir hikoya:

Anchadan beri xasta yotgan odamning bir kar mahalladoshi bor edi. Doʻstlari unga «xasta birodaringni shu paytgacha ham yoʻqlamabsan-a?» deb tanbeh berdilar. Bu gap karga ta’sir qilib, darhol ziyoratga otlandi. Yoʻlda bora turib oʻylandi:
— Men karman, u esa xasta – gʻoyat past ovozda gapiradi. Hech narsani eshitmasam, qanday gaplashaman?

Oʻylay-oʻylay «Bemorning gaplarini yuzdagi ifodadan bilib olaman,- deb qaror qildi. - Uyga kirgach «Qandaysan?» deb soʻrayman. U xazin tabassum qiladi, shu jilmayishi «yaxshiman», degani boʻladi. Shunda men «alhamdulillah, juda ham xursandman», deyman. Keyin «nima ichib, nima yeyapsan?» deb soʻrayman. Albatta, «shoʻrva» yoki «sut» deb biron taomning nomini aytadi. Shunda men «osh boʻlsin», deb duo qilaman-da, «qaysi tabib qarayapti?» deb soʻrayman. «Falonchi tabib», deb birontasining nomini bildiradi. Men «U tabibning gʻoyatda qoʻli yengil, yaxshi davolaydi», deb koʻnglini koʻtaraman», - degan tayyorgarlik bilan bemorning uyiga kirib bordi. Rejasi boʻyicha «Qalaysiz, qoʻshnijon», deb soʻradi. Bemor shukr va sabr qiluvchilardan emasdi. Shu bois kar kutganday «Xudoga shukr, yaxshiman», deyish oʻrniga mahzunlik bilan:
— Kasalim ogʻir, oʻlyapman, - dedi. Kar bu gapni eshitmasa-da, yuzidagi xazin tabassumdan oʻzicha xulosa chiqarib, suhbatini davom ettirdi:
— Oh! Oh! Juda xursandman, Xudoga shukr!

Bemor bu odamning karligini unutib, gapidan gʻazablandi. «Bu odam dushmanim ekan-da, bilmay yurgan ekanman», deb oʻylandi. Kar esa davom etdi:
— Nima yeb, nima ichyapsiz?
— Zahar yeb, zahar ichyapman, - dedi bemor achchiqlanib.
— Osh boʻlsin, - dedi kar. - Qaysi tabib kelib turibdi?
— Azroil kelib-ketyapti.
— Oh, oh! Uning qoʻli juda yengil-da, yaxshi davolaydi.

Shunday deb oʻzicha bemorning koʻnglini koʻtargan boʻlib, oʻrnidan turdi. Uning dushman ekaniga qat’iy ishongan bemor esa gʻazab oʻtida qovurilib qolaverdi.

Bugunning hikoyasi:

Akmal kasalxonadagi qoʻshnisini yoʻqlab qoʻyish maqsadida non sotib olayotgan edi, ikki koʻcha naridagi tanishi kelib soʻrashdi:
-Ha, bahay? Birovni ziyorat qilmoqchisiz shekilli?
-Sotimboy, devor boʻlmasa, koʻchani ham koʻrasiz-a?-deb hazillashdi Akmal.-Turgʻunning tobi qochibdi, koʻrib qoʻyay.
-Ie, Turgʻun tanbalmi? Nima boʻpti?
-Kim biladi, biqini ogʻribdi shekilli...
-Yuring, menam koʻrib chiqa qolay.

Mahalladagi kimdir, qachondir va nima uchundir «Sotiboyning muchali xira pashsha» degan edi. Shunday ekan, Akmal bechora nima qilsin? Kasalxonaga uzun-qisqa boʻlib kirib borishdan oʻzga chorasi qolmadi.

Eshik ostonasida Akmal koʻrinishi bilan Turgʻunboyning chehrasi ochildi. Soyadek ergashib kirgan Sotimboyni koʻrgach, achchiq bodomni chaynab yuborganday, yuzlari burishdi. Akmal uning holatini sezib «men aybdor emasman, oʻzi ergashib keldi», deganday yelka qisib qoʻydi. U qoʻshnisi bilan salomlashib «Tuzukmisiz?» deyishga ulgurdi. Turgʻunboy esa «Xudoga shukr, tuzalib qoldim», deyishga ulgurmadi. Gapni Sotimboy ilib ketdi.
-Biqin ogʻriyatimi?-deb soʻradi, ammo javobni kutmay oʻzi davom etdi,-Oʻng tomonmi? Doʻxtir nima deydi? Sanchayotgan boʻlsa, shamol tekkan, deydi-da. Ularning topib olgan gaplari shu. Aslida, koʻrichak ham boʻlishi mumkin. Bular koʻrichakni mensishmaydi. Ishxonamda bittasining koʻrichagini aperaysa qilishgan ekan. Qornida doʻxtirning qaychisi qolib ketibdi. Ikki kunda oʻldi bechora. Qornida qaychisi bilan koʻmib keldik. Biqinning teparoq tomoni ogʻriyotgandir?

Turgʻunboy uning nima uchun soʻrayotganini bilmay angrayib oʻtiraverdi.
-Ha, ogʻrigan paytda odam anigʻini bilmaydi,-dedi Sotimboy.-Aslida oʻt pufak ogʻrigandir-u sezmagansiz. Oʻt pufak bilan hazillashib boʻlmay, akaxon. Doʻxtir parxez buyurdimi? Ha, ana! Qarindoshim parhezga qaramagan ekan, oʻn besh kunga bormay oʻldi. Oʻt pufak jigarning yonida boʻladi. Jigar ogʻrisa ham yomon. Jigar ketdimi, odamning tirik qolishi qiyin. Amakimning ikkita qaynisi uch oyning ichida shu jigardan oʻldi-yu ketdi.

Shu payt yon karavotda yotgan bemorni yoʻtal tutdi. Sotimboy unga tikilib qaradi-da, soʻradi:
-Akaxon, yoʻtalingiz xunuk-ku? Doʻxtir nima deydi? Bu shamollash emas, oʻpka shamollaganda yoʻtal bunaqa boʻlmaydi. Oʻpkaning bir tomonini tamom qilganga oʻxshaysiz, tez oldirib tashlamasangiz, ikkinchi tomoniga ham oʻtadi. Xotinimning buvisi shunaqa kasal bilan oʻlgan edi. Yoʻtalib-yoʻtalib yurdi-yu bir kunda boʻgʻilib oʻlib qoʻya qoldi.

Deraza tomondagi karavotda oʻtirgan bemor bu gaplarni eshitib «Bay-bay-bay!» deb boshini ushlab qoldi. Sotimboy unga tikilib qaragach, achingansimon dedi:
-Bosh ushlab qoldimi, akaxon? Boshni ehtiyot qiling. Kasalingiz analgin bilan tuzaladiganga oʻxshamaydi. Rangingiz ja-a boshqacha-ku? Hozir yangi kasal chiqibdi. Miyani qurtga oʻxshab yeb, ado qilarkan. Televizorda koʻrdim. Italiyada bittasi shu kasaldan oʻlibdi.

Hamxonalari oldida hijolat boʻlgan Turgʻunboy uni gapdan toʻxtatish chorasini topolmay oʻtirganda hamshira kirib, mushkulini oson qildi. Akmal bundan foydalanib, ketishga chogʻlandi-da, Sotimboyni qoʻltiqladi. Sotimboy qarshilik qilmadi. Eshikkka yaqinlashganda toʻxtab, hamshiraga norozi qiyofada qaradi:
-Singiljon, akalaringizga yaxshiroq qaranglar. Katta doʻxtiringizga aytib qoʻying, uchchalasining diagnozi ham notoʻgʻri. Boshqatdan tekshirsin. Men erta-indin yana kelaman.

Hamshira hayron boʻlib qolgan edi, Turgʻunboy «amakingiz hazillashdi», deb uni tinchitdi.
-Qoʻshningiz erta-indin kelaman, deb ketdi. Gapi rostmi?-deb soʻradi yoʻtalgan bemor.-Agar kelishi rost boʻlsa, bugunoq uyga joʻnab qolish kerak.
-Shu odamga qoʻshni boʻlib chidab yurganingiz uchun sizga balli!-dedi boshini ushlagan bemor.-Tanishtirmadingiz ham, ismi nima uning?

Turgʻunboy uyatdan qizarib ketdi. Chuqur uf tortib, javob berdi:

-Ismi «Koʻrichak»...