OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Tohir Malik. Kurort (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiKurort (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm32KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/23
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kurort (hikoya)
Tohir Malik

U raisning xonasidan chiqib, bolalarga qand-qurs olay, deb doʻkonga kirdi. «Ha, Ahmadboy, rais yoʻqlabdilarmi?» «Yoʻqlabdilar, kurortga yuboraman, deyaptilar». Bor gap shu Traktorchi buni doʻkon ostonasida eshitdi. Traktorining motori odatdagidek oʻchirilmagan edi, oʻtirdi-yu, gʻizillatdi. Uyiga hash-pash demay yetib bordi. Yangilikni xotiniga aytdi. Bu gap koʻchaga yugurayotgan oʻgʻlining qulogʻiga ilindi. U koʻchaga chiqib, Samadga duch keldi. «Hey, Samad, otang kurortga borarkan», dedi. Samad esa uyiga qarab uchdi.

O'gʻlining «otam kurortga ketayapti ekanlar», degan gapini eshitgan Nazira jonholatda «Voy, oʻlmasam!» deb yubordi. Uning koʻziga eri eshikdan ikkita satang xotinni boshlab kelayotganday koʻrinib, yuragi shuv etib ketgan edi.

Otasining kurortga borishi bolalar uchun kutilmagan shodlik edi. Axir kurortning boshidan oxirigacha magazin boʻlarkan. Otasi u yerdan quruq qaytmas. Rayon markazidan belbogʻini toʻldirib mayda-chuyda olib keladigan odam kurortdan bir dunyo narsa bilan qaytar. Faqat... kattaroq jomadon berib yuborish kerak...
— Otam kurortga ketyapti ekanlar!..

Samadning bu hayqirigʻi bir poy kalishi past tushib, bir poyi panjasiga ilinib qolganicha soʻrida oyoqlarini osiltirib, oppoq soqolli engagini koʻkragiga tirab mudrayotgan Matqobul buvani choʻchitib yubordi. Boshini koʻtarib, nabirasini izladi.
— Hoy, nima deding, qanisan oʻzing?

Samad yugurib kelib, buvasining yelkasiga qoʻllarini qoʻydi-da, dahanini choʻzib baqirdi:
— Otam kurortga...
— He, baqirma-e! Rayonga ketibdimi?
— Kurortga borar ekanlar.
— A?-Matqobul buvaning yuzidan qoni qochdi. Samad bu oʻzgarishni sezmadi. «Buvam eshitmadilar shekilli», deb yana ovozini koʻtardi.
— Ku-rort-ga!
— Bas!- Matqobul buva bolani nari itardi. Bir oz gangib oʻtirdi-da, yerga tushdi. Shundagina bir oyogʻida kalish yoʻqligini bilib, egildi. Samad chaqqonlik qilib uning oyogʻiga kalishni ildi.
— Hassamni olib kel!

Samad bu amrdan ajablandi:
— Katta dada,qoʻlingizda-ku?

Matqobul buva chevarasiga mayna boʻlishni istamay:
— Bunisini emas,-deb tanbeh berdi.

Samad gap qaytarmay, anchadan beri tutilmagani sababli katta soʻri tagiga tashlab qoʻyilgan eskihassani olib berdi.

Chol unga yana bir nima deb baqirmoqchi boʻldi-yu, «Bunda nima gunoh, nimaga zahrimni sochaman», deb insofga keldi. «Bu Abbosning ishi. Bolalarimga tikilgan koʻzlarini oʻyib olaman», deb toʻngʻilladi-da, eski hassasini toʻqillatib, koʻcha tomon yurdi.

Koʻchaga chiqib, oʻttiz qadam ham bosmay nevarasini koʻrib toʻxtadi.

Ahmad brigadir xali xech narsadan xabari yoʻq, qoʻlida toʻrxalta, pidjagi yelkagay, doʻppisi chapga bir oz qiyshaygan holda tuya yurish qilib kelardi. Cholning koʻcha oʻrtasida turib olganini koʻrib, qadamini tezlatdi.
— Ha, katta ota, tinchlikmi?

Chol nevarasini endi koʻrayotganday boshdan oyoq razm solib, uning koʻzlariga savol nazari bilan tikildi:
— Qayoqqa ketyapsan?
— Uyga..-dedi Ahmad brigadir, cholning savolidan ajablanib.
— Kurort-chi?
— Qanaqa kurort?
— Ketayotgan emishsan-ku?
— Ha... darrov yetib keldimi?-Ahmad bridagir «katta otam «bemaslahat ish qipsan», deb ranjiyaptilar», degan xayolga borib, kulimsiradi.-Hali xom gap bu, katta ota, sizdan besoʻroq bir yoqqa borarmidim?
— Rais borasan, deyaptmi?
— Ha, shunaqa gap boʻldi.
— Abbos, a?
— Raisimiz bitta-ku, katta ota.
— Bormaysan!
— Xoʻp.

Nevarasining darrov koʻna qolgani cholda shubha uygʻotdi.
— Bormaysan, deyapman!!- bu safar qat'iyroq gapirdi.
— Xoʻp, dedim-ku...-bu safar nevara yanada osonlik bilan koʻndi.
— Nari tur,-dedi chol qoʻli bilan ishora qilib.
— Qayoqqa bormoqchisiz?

Matqobul buva javob bermadi. «Bolalarimga tikilgan koʻzlarini oʻyib olaman», deb gʻoʻldirab yurib ketdi.

Vafot etgan qarindoshlarini kunda, kun ora tushida koʻraverib, «yogʻoch otdagi safariga shaylanib qolgan» cholning yuragida qirq besh yildan beri yashirinib yotgan armonni bu xabar bexos turtib, uygʻotib yuborgan edi. Chol bu armonini shu topgacha birovga bildirmagan, shuncha yildan beri oʻz yogʻiga oʻzi qovrilardi.

* * *

O'shanda kelini shu Ahmadga boshqorongʻi edi.

Bir kuni oʻgʻli toʻnini yelkasiga tashlab, xufton vaqti ishshayib kirib keldi.
— Ha, lab-lunjingni yigʻishtirolmay qopsan. Bevaqt sanqima, deb senga aytuvdimmi yo buvingning takasigami?-dedi u astoydil achchiqlanib.
— Ota, idorada edim, majlis boʻldi.
— Abbos gʻoʻzani majlis bilan toʻydiryaptimi, muncha yigʻinlaring koʻp?
— Bitta odam kurortga borishi kerak ekan, shuni muhokama qilib, meni lozim koʻrishdi.
— Nima?- chol u paytda kurort nimaligini bilmas edi. Muhokama qilingan boʻlsa, yomon joy shekilli, degan fikr miyasiga urildi.-Nima gunoh qiluvding?
— Ie,ota, kurortga gunoh qilganlarni yuborishmaydi. Kurort tomosha qiladigan joy-ku?
— Ha... unda mayli. Qaerda ekan, shu rayondami?
— Yoʻ-oʻq, uzoqroqda. Poezdda besh kunlik yoʻl deyishdi.
— A?! E... seni laqillatishibdi, bola. Besh kunlik yoʻlga yaxshilarni yuborishmaydi. Rayonga borsang bir navi, ha, ana Koʻqonga bor, tomosha oʻsha tomonda. Abbosdan chiqdimi shu gap? Enasini Uchqoʻrgʻonning qayqisidan koʻrsatib qoʻyarman. Mening bolamni besh kunlik yoʻlga joʻnatadigan zoʻr hali tugʻilmagan!
— Ota, siz tushunmadingiz, oʻynab, dam olib kelgani yuborishmoqchi.
— Jim boʻl, bola!

O'sha kuni rais bilan san-manga bordi-yu, ammo ustun kelolmadi. O'gʻli ikki kunda joʻnashi lozim ekan. O'gʻlini shartta qoʻshni qishloqqa, opasinikiga joʻnatdi. Ikki kundan keyin rais yuk mashinasida keldi.
— Matqobul, oʻgʻling qani?-dedi etigi qoʻnjiga qamchi bilan urib qoʻyib.
— Kurortingga joʻnavordi,-dedi Matqobul soʻridan tushmay.
— Hoy esa yoʻq, hukumat yaxshi ishlaganlar mehnatining rohatini koʻrsin, deyapti, tushunsang-chi?!
— Unda oʻzing boraver.
— Bultur bordim-ku?
— Bu yilham bor, men roziman.
— Jigʻimga tegma!
— O'gʻlim bormaydi.
— Boradi. Qaerdaligini ayt. Qarorni buzishga haqqing yoʻq.

Matqobul bu dagʻdagʻani sariq chaqaga olmasligini bir qoʻl siltash bilan ifoda etib qoʻya qoldi.
— Aytmasang... qamatib yuboraman, bilib qoʻy.
— A?!-Matqobul endi oʻrnidan turib ketdi.-Meni-ya!?

Rais unga yaqinlashib, past ovozda dedi:
— Meni bilasan-a, jigʻimga tegma. Kechasi hovlingga bugʻdoy tashlataman-u, azonda toʻrtta guvoh bilan kelaman.

Matqobul serrayibqoldi.
— Oshnachiligimizning oqibati shumi?
— Unda oʻgʻlingning qaerdaligini ayt.
— Abbos...
— Tez boʻl. E, galvars, odamlar u yerlarga borishni orzu qilishadi. Kallangni ishlatgin. «Kimsan, Matqobulning oʻgʻli kurortga boribdi!» deydigan gapdan quvonsang-chi!

Oshna boʻlgani bilan Abbosning rais degan martabasi bor. Kallasiga nima kelsa qilaverishdan tap tortmaydi.
— Rostdanam oʻzing borganmisan?
— E, nosqovoqni senga oʻsha yerdan olib kelganman-ku?

Abbos aldadi: oshnasiga sovgʻa olmaganidan xijolat chekib, yoʻl-yoʻlakay Qoʻqon bozoridan chiroyli nosqovoq xarid qilgan edi. Matqobul sovgʻani eslab, oʻylanib qoldi: «Ha, kurortdan olib keldim, devdi-ya. Nosqovogʻiga qaraganda, oʻzimizning joylarga oʻxsharkan...»
— O'gʻling qaerda? Boʻl tez, bugun poezdga chiqishi kerak.
— Senam besh kun yoʻl yurganmisan?
— Yursa nima?
— Yoʻ-oʻq, boʻlmaydi oshna. Xotinining oy-kuni yaqin.
— O'ziniki-chi?
— Nima «oʻziniki»?
— O'zining oy-kuni yaqin emasmi? Yoʻl-poʻlda tugʻib qoʻyadi, deb qoʻrqyapsanmi? Boʻpti, aytmasang, aytma, oʻzim topib olaman,-rais shunday deb koʻchaga chiqdi-da, haydovchiga nimadir deb tayinlab, iziga qaytdi. Yuk mashinasi koʻchani changitib yurib ketdi.
— O'gʻling hozir keladi. Keliningga ayt, yoʻlga u-bu tayyorlab qoʻysin.
— Moshinqayoqqa ketdi?
— Opangnikiga.

Matqobul dovdirab qoldi: qayoqdan biladi? U raisning ikki kun ichi bu xonadonga yaqinligi bor uylarni daraklaganidan bexabar. Rais oshnasi bilan gaplasha turib birdan uning opasi esiga tushib qoldi. Matqobulning aka-ukalari yoʻq, yolgʻizgina bir opasi bor. O'gʻlini oʻsha yerga yashirmay, qayoqqa yashirardi? Hozir Matqobulning tashvishga tushganini koʻrib, taxmini toʻgʻri chiqqanini bildi.

«Gunohkor» yarim soatda uyda boʻldi. Xotini tayyorlab qoʻygan tugunni oldi-yu, xayr-xoʻshlashib joʻnadi...

Matqobulning armoni shu - oʻgʻlini olib qolishga qurbi yetmadi. Rais «qamatvoraman», deb poʻpisa qilsa, qoʻrqib oʻtiribdi.

Olib qolishi kerak edi.

Olib qolishi shart edi...

Chunki... oʻn kundan keyin urush boshlandi. O'gʻli oʻshanaqasi urushga joʻnabdi. Ikki yilgacha xat kelib turdi... Ahmad otasini koʻrmay oʻsdi.

Abbos rais endi uni ham kurortga yubormoqchi...

Qirq besh yil avval «kurort» degan soʻzni eshitib, yomon joydir, deb oʻylagan Matqobulning koʻziga oʻshandan beri urush maydoni boʻlib koʻrinadi...

Abbos rais qiyomatli oshnasining xassasini doʻqillatib kirib kelishini bilsa-da, xabarning tez tarqalish tezligini hisobga olmagani uchun uni ertaga kelsa kerak, deb oʻylagan edi. Matqobulni idora yonidagi samovorxonada kutib olib, soʻriga boshladi. Hol-ahvol soʻradi.
— Ikki oyoqda yurib, til bilan gapiryapman, hali bu dunyodan umidim bor,-dedi Matqobul.-Nimaga kelganimni bilib turibsan-a?
— Ha.
— Bitta oʻgʻlim yetmaganmidi senga?
— Bu gapingni qoʻy, oshna. Urush koʻpga kelgan toʻy edi. O'gʻling shu yerdan ham ketardi-da.
— Hech boʻlmasa rozi-rizolik tilashb qolardim-ku, oʻgʻlini koʻrib ketardi-ku?
— Men bilibmanmi...-rais shunday deb chetga qaradi.
— Endi Ahmadga osilyapsanmi? Uni nimaga yubormoqchisan?
— Bahorda nima boʻlgani esingdan chiqdimi? Dalada yuragini changallab yotib qoldimi? Sillasi qurib ketgan bola paqirning. Doʻxtirlar «dam olishi shart», deb menga qayta-qayta aytishdi. Shu paytgacha kurortga borsin, devdimmi? E, ishlaganidan keyin dam olishni ham oʻrgansin-da!
— O'zing oʻrganaver.
— Men har yili boraman. Shuning uchun ham senga oʻxshab xassaga tayanib qaltillab qolmaganman. Mendan uch oylik kichiksan. Ahvolingni qara!
— Ahmad bormaydi.
— Bekor aytibsan.
— Qamatvorsang ham yubormayman.
— Bolaning joniga javr qilma. Bilaman, alaming bor. Lekin hozir zamon yaxshi. U davrlar boshqa edi. Ilgari besh kun yoʻl yurgan boʻlsa, endi uch soatda boradi., uch soatda keladi. Bilib koʻy: yuragini davolatmasa... buningdan ham ajrab qolasan, bilib qoʻy, dardi yomon, bolaning umriga zomin boʻlasan!
— Qoʻqonlik doʻxturlarga bora qolsa-chi?
— Boʻlmaydi. U dengiz boʻyida davolanishi shart. O'sha qoʻqonlik doʻxturlar shunaqa deyishdi.
— Rost aytyapsanmi?
— Kasali boʻlmaganida yubormas edim. Dardingga men sherik boʻlmasam yana kim sherik boʻladi. Seni tashvishga qoʻyish menga lozimmi? Men ham qaridim. Kolxozni bu yil topshiraman. Ellik yil tebratibman, yetar. O'rnimga keladigan odam Ahmadning holidan xabar oladimi, yoʻqmi...Hozir kurort otliqlardan ortmay qolgan. Ahmadga kurortning qogʻozini olaman, deb ena sutim ogʻzimga keldi. Sen qaysarlik qilma.

Matqobul laqqa tushganini oʻzi ham bilmay qoldi. Ikki oshna soʻrida yonboshlab, choyxoʻrlik bilan kunni xufton qilishdi.

* * *

— Dadasi, u yerlarda...
— Aytaver gapingni, buncha chaynalib qolding?
— Yoʻq, qoʻying, aytadigan gap emas.
— Endi koʻngilni xijil qilma, ayt.
— Bir gap eshitdim... U yerlarda haligidaqa... xotinlar boʻlarmish...
— He, esi yoʻq! He, betamiz!
— Achchigʻingiz chiqmasin. Eshitganimni aytyapman-da.
— Bunaqa gaplarni eshitadigan quloqning kar boʻlgani yaxshi!
— Qoʻying, yaxshi nafas qiling. Koʻrganlar aytdi-da. Erkak odam uydan uzoqlashsa...
— Yum ogʻzingni! Ming la’nat sendaqa laqmaga! Otam yurgan yerlarda shunaqa ish qilamanmi!?

Shunday deb teskari oʻgirilib yotib olgan edi. Shu gap bahona boʻlib, yoʻlga chiqar oldidan xotinini suyib erkalamadi.

Hozir, samolyot togʻday bulutlar uyumi orasidan chiqib, titrogʻi bosilganidan keyin koʻzlari mudroq ixtiyoriga berilgan damda oʻsha qisqa, ammo oʻzini lov etib yondirib yuborgan suhbatni esladi-yu, afsuslandi.

Soddalik ham xotin kishining husniga kiradi. Birov shu gapni aytibdi, u ishonibdi. Erini azbaroyi yaxshi koʻrganidan qizgʻanibdi. E, xom sut emgan banda! Shunday xotinning qadriga yetmadi, yetmadi-ya!

Yuragi sanchib, uyqusi qochdi. Vrachning oʻgitini eslab, choʻntagini paypasladi. Volidol olib, tilining tagiga tashladi. Uyqusi oʻchgan boʻlsa ham, bari bir koʻzlarini yumdi.

Gapning oʻgʻil bolasi - Qora dengiz boʻyiga borib dam olishi aniq boʻlganidan keyin bunaqa gaplarni oʻzi ham eshitdi. Toʻgʻrirogʻi, ilgari bir-ikki qulogʻiga chalinganu uncha ahamiyat bermagan edi. Bu safar bir emas, uch-toʻrt kishi aytdi. Ularning ta’rifidan keyin yuragining bir chetida gʻalati mayl uygʻondi. Avval dengiz boʻyida yurib davolanib qaytishni oʻylayotgan boʻlsa, endi sohil koʻz oldiga kelganida bir-ikki ofatijonlar ham «uchray» boshladi. O'zi boshqalarning gapiga laqqa tushib, yana xotinini laqma, deb koyib, arazlab yotibdi-ya!

Uning toʻsatdan lovillab ketishiga bu bir bahona xalos. Asl sababini bilsa ham, tan olgisi kelmaydi.

«Puling boʻlsa xaltada - boravergin Yaltaga».

«Men Yaltaga ketmayapman-ku?»

«Bu bir gap-da, Ahmadboy. Puling boʻlsa bor. Qad-qomatdan Xudo seni qismagan. Qirchillama yoshdasan. Doʻxtir-poʻxtir deb yurma. Yurakning davosi - nozaninning birgina nozli karashmasi. Biror soʻzamol yigit bilan ulfat boʻlgin-u, orqa oldingga qarama - polniy vperyod! Yigirma toʻrt kun ichida yigirma toʻrttasini tatib koʻrmasang hisobmas».

Shunaqa «nasihat»lardan keyin xayolida bir yigit bilan doʻst tutindi. U ikki qizni boshlab keldi... Xayolidagi bu koʻngil izhori koʻpga choʻzilmasdi. Fikri tiniklashib, oʻziga kelishi bilan, chindan ham «chap»ga yurganday seskanib ketardi. Hatto xotinining koʻzlariga qaray olmagan vaqtlari ham boʻlardi. Xotini oʻsha tun gumonini aytganida, u avvaliga «siri» fosh boʻlganday qalqib tushdi. Achchiqlanish uchun shuning oʻzi kifoya edi.

«Sen unaqa har kimning gaplariga quloq solaverma. Rais buvami yoki raykom buvami aytsalar ishon. Ular oʻsha tomonlarda koʻp boʻlishgan. Sen aytgandaqa joy boʻlsa, meni yuborisharmidi? O'zing oʻylab koʻr-chi, gʻoʻza shonaga kiraman, deb turgan mahalda qaysi brigadirning dam olishiga ruhsat berishgan!?»

Xayrlashar paytidagi gaplarini eslab, koʻngli taskin topdi: «shuni yaxshi aytdim...»

Ahmadning toʻngʻichi bu yil maktabni tugatdi. Koʻz ochib koʻrgani Nazirasi bilan sira san-manga bormagan. Boshqa birovga qarash yetti uxlab bir tushiga kirmagan. Erkak zotining ham ming bir turi bor. Yurgan yoʻlida begonalarni qoʻmsaydiganlarni Ahmad koʻrgan. Uyda gulday xotini, bolalari turib, chakki qadam oluvchi tanishlaridan hamisha nafratlanib, aniqrogʻi, hazar qilib kelgan. Bundaylar sarguzashtlarini koʻpirib hikoya qilayotganlarida Ahmadning xayoli qochmagan, shayton vasvasa qilmagan, deyilsa, yolgʻonga yoʻl berilgan boʻladi. Ammo bu his yashinsimon va oʻtkinchi boʻlib, uni koʻp tobe qila olmagan.

Mana endi, uyidan uzoqlashar mahalida, gʻalati hislar girdobiga tushib, gangib yuribdi.

Maqsad - davolanish. Uvat boʻyiga yiqilib qolmaganida bu ham yoʻq edi. Avvallari yuragi sanchib-sanchib qoʻysa ham e’tibor qilmasdi. Yurak bilan oʻynashib boʻlmas ekan. Kasalxonada yotganida xotini «Xudo sizni bolalaringizga qaytarib berdi», dedi. Endi batamom tuzalish uchun ketyapti. Ammo ba’zan oraga shayton oralab, hislari jilovini boʻshatib qoʻyadi. O'zi xohlamasa ham xayoli boshqa tomonlarga chorlayveradi.

Yonida ikki juvon oʻtiribdi. Koʻxlikkina. Nazarida ikkovi ham unga oʻgʻrincha qarab qoʻyyapti. Gapni erkak kishi boshlashi kerak. Nima deydi? «Qachon yetarkinmiz?» deb soʻrasa-chi? E, yoʻq, hozirgina suv olib kelgan kuzatuvchi qiz anigʻini aytib ketdi. «Dam olgani boryapsizlarmi, qaerga?» desinmi? «Sizga nima!» deb qayirib tashlasa-chi?» Gap bilmaganidan keyin indamay ketgani ma’qul. Agar biror ilinjlari boʻlsa, oʻzlari gap boshlashar...

Yoʻq ikkala juvon ham unga qaramadi.

Ahmad samolyotdan bir oʻzi shoʻppayib tushdi. Yuklarini olib, keng maydonga chiqdi. Birov-birovga qaramaydi. Birovning birov bilan ishi yoʻq. «Samolyotdan tushishim bilan nozaninlar oʻrtasida talash boʻlib ketaman», degan oʻyga ham borgan edi. Atrofiga qarab, hafsalasi pir boʻldi. Chiroyli qiz-juvonlar oz emas. Lekin birovi unga qiyo boqaman demaydi. Ularga gap otuvchi lab-dahan esa unda yoʻq.

Bu holdan mamnun ham boʻldi - shayton vasvasasidan qutuldi. Ayni paytda bekorchi hislarga berilgani uchun oʻzidan oʻzi nafratlandi.

«Ovozi rasta boʻlgan bola ham menchalik befarosatmasdir. Nimalarni xayol qilib yuribman?!»

* * *

Ahmad qabulxonada xushroʻy yigitga roʻpara boʻldi. Qoshlari huddi terib qoʻyilganday tekis, qirra burun, uzunchoq oq yuzli bu yigit picha urinib qolgan jomadonli Ahmadni jilmayib qarshi oldi. Ahmad yukini bir chetga qoʻymay turib, yigit unga boshdan oyoq razm solishga ulgurdi. Ahmad buni sezdi. Jilmayishining soxtaligini, xizmat yuzasidangina shunday qilishga odatlanib qolganini fahmladi. Bu yerga kelishdan oldin «Meva-chevalarni oʻrtaga koʻyib, tuzukroq joy soʻrayman», deb oʻylagan edi. Yigitning dimogʻini koʻrdi-yu, fe’li aynidi. Yigit oʻzini «navbatchi vrach» deb tanishtirib, qogʻozlarni toʻldirdi. Bosimni oʻlchagan boʻldi.
— Davolaymiz!-dedi qogʻozlarni chetga surib. Keyin Ahmadning koʻzlariga tikildi.-kasalingiz xavfli emas. Sizni ikki narsa davolaydi. Birinchisi - havo va suv. Ikkinchisi... xoʻsh, nima?

Ahmad yigitning ayyorona boqayotgan koʻzlariga qaray olmadi, yelka qisdi.
— Ikkinchisi...-yigit kuldi,- avvaliga hamma oʻzini bilmaganga soladi. Hay. Mayli, bilmasangiz bilib olarsiz: ikkinchisi shoʻxlik! Shoʻxlik va yana shoʻxlik!..

Ahmad yigitning nimaga shama qilayotganini tushundi. Avvaliga xijolat tortdi. Keyin yoʻlga chiqish arafasida xotinidan shunga oʻxshash gap eshitib, qanday gʻazabga mingan boʻlsa, shundayholga tushdi.
— Menga qara, bola,-dedi dabdurustdan sensirab,-bu yerga men ishlarimni tashlab kelganman. Bolalarimning rizqidan chegirib pul sarflaganman. Sen nima deb yuribsan?! Buzuqlik qiladigan boʻlsam, shundan shunga ahmoq boʻlib kelamanmi? He, seni bu yerga oʻtqizib qoʻyganni...

Yigit uning vajohatidan choʻchib, oʻrnidan turib ketdi.
— Ie, ie, asablar chatoq-ku! Hazilni oʻzingizga olmang. Hazillashdim, axir.
— Borib enang bilan hazillash!

«Hazilkash» vrach Ahmadni ovutgan boʻldi-yu, ammo ertasidan boshlab uni koʻrsa ham koʻrmaganga olib oʻtishni odat qildi.

Kurort deganlari Ahmadga yoqmadi. Xotinlar doʻkonma-doʻkon izgʻishdan, erkaklar ulfatchilikdan boʻshamaydi. Ahmad boshqa hamqishloqlari kabi, umrida biron bir kunni bunday bekorchilik bilan oʻtkazmagan. Odam kun boʻyi boʻsh oʻtirishi mumkin, degan haqiqatni tanasiga singdirolmas edi. Rais: «Ahmadboy, ishni doʻndirding, bir oy ruxsat senga, damingni olvol», desa ham uydanmi, ustaxonadanmi bir yumush chiqarib, ivirsib, kunini oʻtkazardi. Bu yerda butunlay boʻsh boʻlib, gangidi... Yoʻl yaqinroq boʻlganida mashina kira qilib boʻlsa ham joʻnavorardi. Nima qilsin, samolyot pattasi choʻntagida turibdi - yigirma toʻrt kunni shu azobda oʻtkazishga majbur.

Bir-ikki kun yon-atrofni sayr qildi. Nazarida dadasi xuddi shu oromgohda yotgan, shu soʻqmoqlarda yurgan, shu sohilda uydagilarini sogʻinib oʻtirgan... Dadasining qaysi kurort shahrida boʻlganini bilmaydi. Rais ham unutvorgan. Katta otasiga bir narsagina ma’lum: oʻgʻli kurortga deb ketgan oʻshanda. Ahmad «Otam shu yerda boʻlganlar», deb oʻzini ishontirib, goʻyo dadasining izlarini ziyorat qilganday yurdi. Vujudida qaror topgan mana shu his yoʻlga chiqib, to shu yerga kelgunicha bot-bot uygʻonib, besaranjom qilayotgan shahvoniy mayllarini boʻgʻib tashladi.

Toʻrt kundan keyin hamxonasi ketib, oʻrniga boshqasi keldi. Bunisi avvaliga unga ma’qul tushdi. O'zini Doniyor deb tanishtirgan dumaloqqina bu yigit sakkiz yashar oʻgʻlini birga olib kelibdi.

«Eh, kalla! Samatimni yonimga olvolsam boʻlmasmidi! Bi-ir yayrab ketardi-ya! O'n ikkiga kirib, daladan boshqa narsani koʻrmadi. Xotinning ham kallasi ishlamaydi-da. «O'gʻlingiz ham birgalashib borsin», demaydimi? E... u bechora qaerdanam bilsin... Doniyorning esi bor ekan. Ham oʻzi yayraydi,ham bolasi...»

Yoʻq, ertasidan boshlab Doniyordan koʻngli qola boshladi. «Onasi menga qorovul qilib yubordi, deydimi? Voy, dayus-e, gapi qiziq-ku, buning. O'gʻlini olib kelganidan pushaymon shekilli...»

Doniyordan «Qorovulni uxlatib keldim», «Qorovul kinoda, bir yarim soat vaqtim bor», degan gaplarni eshitgani sayin undan nafratlana boshladi. Doniyor oʻgʻlining koʻzini shamgʻalat qilishga uringan damlarda Ahmad uyidagilarni eslab ezilaverdi. Birorta bolasini olib kelmaganidan afsus chekaverdi.

Doniyor Ahmadning tobora sovuqroq muomala qilayotganiga e’tibor bermadi. Tabiati shunaqa toʻng boʻlsa kerak, deb oʻyladi. Ahmadni holi-joniga qoʻymay hali kinoga sudraydi (bunisi mayli), hali tantsaga (koshki Ahmad tantsa tushsa), hali yuzta-yuztaga taklif qiladi (jini suymagan odam bilan ichguncha boshini kundaga qoʻyishga ham rozi). Bir xonada turgandan keyin hammasiga chidar ekansan. Xotin boʻlsa ekan - qoʻyib qutilsang, qoʻshni boʻlsa ekan - hovlingni sotib qutulsang. Bor-yoʻgʻi uch haftalik hamxona. Uch hafta - uch yil emas, deb oʻziga taskin berib yuraverdi. Kutilmagan voqea sodir boʻlmaganida balki muddat tugagunga qadar ham u bilan bir xonada yashayverardi. Ammo oʻsha voqea yuz berdi-yu...

Ahmad sohilda oftobda toblanib oʻtirgan edi. Bir qoʻlida mayda-chuydaga toʻla xalta, bir koʻlida magnitofon koʻtargan Doniyor lopillab kelib qoldi.
— E, Ahmad aka, turing tezroq,-dedi u, toʻrxaltani qumga qoʻyib.-Bogʻimizga ikkitagina qushcha uchib keldi. Endiyam chiqmasangiz qattiq ranjiyman, aka. «Qorovul»ni teploxod sayriga yubordim. Ikki soat vaqtim bor.
— Qoʻying, Doniyorjon, bunaqaga yurmayman, bilasiz-ku.
— Voy, akaginam, kurortga qiz kelib, qiz ketmoqchimisiz, turing-e, eshitganlar uyat qilmaydimi!

Xullas, Ahmad u desa Doniyor bu dedi, oxiri qaltisroq bir gap aytdi-yu, borishga koʻndirdi. Oriyat kuchlilikqildi.

Doniyor shu kunga qadar ham Ahmadsiz ishini doʻndirib yurgan edi. Bugun (aksiga oladi-da!) pichoqqa ilinadigan sherik topilmay qoldi. Yoʻqdan koʻra bor, deb Ahmadga osildi. Ahmad esa buni tushunmadi.

Ular yuqori tomondagi daraxtzorga koʻtarilishdi. Chogʻroq yalanglikda, butalar panasida ikki qiz oʻtirar edi.
— Novchasi sizga, qorachasi menga,-deb shipshitdi Doniyor.

Ahmad tizzasini quchoqlab oʻtirgan qizning yonidan joy oldi. Doniyor toʻrxaltani boʻshatdi. U tinmay gapirar, qizlarga hazil qilar, hazili sovuqroq boʻlsa ham qizlar qiqirlashdan toʻxtashmasdi.

Ozgina ichishdi. Doniyor magnitofonni qoʻydi. Qorachadan kelgan qizni qoʻlidan tortib turgʻazdi.
— Bir hil dorilarga «ichishdan oldin chayqatib oling», deb yozib qoʻyiladi. Tantsa ham shunaqa - chayqatib olish kerak,- dedi u Ahmadni ham turishga undab.

Ahmad joyidan jilmadi. Qiz ham unga yer ostidan qarab-qarab qoʻydi-yu, kuyga monand ravishda tebranib oʻtiraverdi. Ahmad qizning yuziga tik qarashga botinmadi. Qiz yosh, chiroyli edi. Ahmad shunday chiroyli qizning begona erkak bilan bemalol oʻtirishini hech hazm qila olmadi. Nogoh uning oyoqlariga qaradi: boldiri boʻliq, tirnoklari boʻyalgan.

Xotinini esladi. Naziraning qomati chakki emas. Shunaqa kiyintirib qoʻysang, hech kim uni olti bola tuqqan xotin demaydi. Faqat qoʻlining suyaklari yoʻgʻonroq. Koʻp ketmon chopganidan shunaqa boʻlganmikin... Oyoqlari... tovoni koʻp yorilardi. Ogʻrisa ham eriga aytmasdi. Pishiq gʻishtga ishqalab yuvib, kechasi yogʻ surib yotardi. Koʻp azob chekardi bechora, biroq, gʻiring demasdi. Oyogʻining tirnoqlarini boʻyash xayoliga ham kelmas...

Yana ozginadan ichishgach, oradan sharm pardasi butunlay koʻtarildi.
— Maishiy xizmat nimaligini bilasizmi?-dedi Doniyor Ahmadga koʻz qisib, keyin qizni qoʻltiqlab, butalar orasiga kirib ketdi...

* * *

— Toʻpori odam ekansan,-dedi qiz.

Ahmad ungaqaramadi:
— Shu yurishingni onang biladimi?

Dahanini tizzasiga tirab oʻtirgan qiz unga ajablanib qaradiyu javob bermadi.
— Erga tegsang boʻlmaydimi?

Qiz chimirildi.
— Er chiqmayapti.
— Nimaga?
— Ishing boʻlmasin.

Ahmad «Yurishing shu boʻlsa senga er goʻrda chiqarmidi», demoqchi boʻldi-yu, gap ta’sir qilmasligini anglab tilini tiya qoldi. Boshqa gaplashishmadi. Ahmadni ter bosdi. O'zidan oʻzi irgandi. Butun vujudi bulgʻangandek, hatto tomirlarida irkit qon oqayotgandek edi.

U Doniyorning qaytishini kutmadi.

Qizga xayr demadi.

Qizham indamayqoldi.

Xonasiga kirib, dushga tushdi. Koʻngil xijilligi yozilmadi. Badanida qitmir chumolilar galasi yurganday tuyulaverdi. Ustidan atir quydi. Boʻlmadi. Doniyorning arogʻini olib, yarmini ustidan quydi, qolgan yarmini bir koʻtarishda boʻshatdi. Ana shundan keyin sal hovri bosilganday boʻlib, karavotiga choʻzildi.

Kurortga kela-kelgunicha oʻylaganiga, sirli bir girdobga tushishiga bir bahya qolgan edi. Qoʻlini uzatsa -bas! Nimaga uzatmadi? Hayiqdimi? Yoʻq. Ammo vujudida shunday ishlarga yoʻl bermovchi gʻoyibona kuch borligini sezdi. Ana shu kuch bir imlasa bagʻriga singib ketishga tayyor turgan qizga qoʻl yuborishdan tiydi. Hatto qizning qoʻlini ham ushlamagan boʻlsa-da, (balki bir stakandan aroq ichganidandir) vujudi kirlanib ketgandek tuyuldi. Ahmad gʻoyibona bu kuchning oddiygina «poklik» deb atalishini bilmasdi.

Araq ta’sir qildi. Vujudi boʻshashdi. Sogʻinch hissi uygʻondi. Bolalari xayolida bir-bir gavdalandi. Qaytib borgan mahali ular bilan koʻrishishning yuz xil turini koʻz oldiga keltirardi. Dam katta qizining peshonasidan oʻpardi (axir, u esli qiz boʻlib qolgan, otasidan uyaladi), dam kenjasini osmonga otadi (avval oʻparmikin yo osmonga irgʻitib erkalarmikin?), faqat xotini bilan qanday koʻrishishni bilmas edi(odamlarning nigohi ularda boʻladi-da!)

Endi na xotini, na bolalari koʻrishishni istashadi... Ahmad yigʻlab yuboray dedi.

Eshik shasht bilan ochilib, Doniyorning pishillashi eshitildi:
— Xol qoʻyibsiz-ku, akam, bizni sharmandi qilibsiz! Unaqa emas-da, endi...

Ahmad yotgan joyidan jilmadi. Hamxonasiga qaramadi. Unga holatini tushuntira olmasdi. Shu sababli indamadi. Ertasiga ham, indiniga ham churq etmadi.

Doniyor bosh vrachni avrab, boʻlak xonaga chiqib ketdi. Ahmad yolgʻiz qoldi...

Samolyotda uyiga qayta turib, bularni yana bir karra mulohaza qildi, oʻzini ayblashga asos topmadi.

Samolyot bir maromda guvillaydi. Ahmadning ikki yonida ikki juvon. (Xuddi atayin uyushtirilganday borishda ham, kelishda ham juvonlar bilan uchyapti-ya!) Birining ikki yashar oʻgʻilchasi xarxashasini bas qilib, uxlab qoldi. Juvon bolasining mayin sochiga yuzini ohista qoʻyib, mudrayapti. Tinimsiz saqich chaynayotgan chap yonidagi juvon esa kitobdan bosh koʻtarmaydi. Ahmad xuddi ikki yonida ikki juvon emas, ikki soqchi oʻtirganday qimirlashga ham jur'at etolmadi, boshini oʻrindiqqa tirab, oʻy suradi:

«Ahmad polvon, mazza qilib xordiq chiqardingmi?»

«Uzoqqa borish bizga toʻgʻri kelmas ekan, rais buva, ichikib qolarkanman».

«Be, yosh bolamisan, ichikib, davroning kelibdi, oʻyna, kul...»

«Ketayotganimda ham shunday devdingiz. Bola-chaqani tashlab...»

«Olib ketgin edi».

«Shunga aklim yetmabdi. Rosa ichim achishdi. Rais buva, bir narsani xayol qildim oʻsha yerda».

«Nimani?»

«Qaqrab yotgan adirni oqsoqollarimiz obod qilib berishdi, siz hovuz qazitdingiz. Qarang: gʻir-gʻir shabada. O'sha yerni kurort qilsak-chi?»

«Kolxozning mehmonxonasini aytyapsanmi?»

«Biz dalada ishlaganda xotin, bola-chaqa oʻsha yerda yayrab dam olsa. Oqsoqollarimiz chiqishsa... Mehmoningiz kunda kelmaydi. Mehmon kelguday boʻlsa, chetga chiqib turamiz. Pastroqqa bir bostirma qilib, ikkitagina sigir boqib qoʻysak, bolalarga sut-qatiq...»

«Ilgari ham aytuvding, yaxshi gap».

«Aytolmovdim, rais buva, hijolat boʻluvdim. Boshqa odamdan eshitgandirsiz?»

Samolyot qalqib, xayoli toʻzidi. Chap tomondagi juvonning koʻzi kitobda, oʻngdagisi mudrayapti...

* * *

Uyiga peshinga yaqin kirib kelgan boʻlsa, to oqshomga qadar yoʻqlovchilardan boʻshamadi. Xotini bilan uch-toʻrt koʻz urishtirdi-yu, aybdor odamday nigohini olib qochaverdi. Xotini bilan hali soʻrashgani yoʻq. Hali kech kirsin, bolalar uxlasin...

Katta otasi bilan ham durustroq gaplasholmadi. «Katta ota, urinmayapsizmi?» «Eson-omon borib keldingmi?» - shundan nariga oʻtishmadi. Oqshomda dasturxon yigʻilgach, jomadon ochildi. Ahmad issiq nimchani katta otasiga uzatdi.
— O'zing kiy, sovuqda dalada daydiysan. Men uyda oʻtiradigan odamman.
— Olavering, katta ota, mozorbosdi-da, kurortdan sovgʻa.
— Sovgʻa degin, nima, menga birov kurortdan sovgʻa keltirmabdimi? Ana, raising nosqovoq olib kelgan. Sen kichikligingda bosib sindirgansan. Ammo juda bop nosqovoq edi.

Ahmad kulib, nimchani cholning tizzasiga qoʻydi. U nosqovoq voqeasini bilardi - rais aytgan.
— Sen menga qara bola, kurortda otangni surishtirmadingmi?
— U yerda urush boʻlmagan, katta ota.
— E, sodda bola-e, surishtiravermaysanmi, oshna-ogʻaynisi chiqib qolarmidi...

Ahmad boshini quyi egdi. O'nlab kurort shaharlari borligini, ularda odam qaynab yotganini, qirq besh yil ilgari oddiy bir dehqonning kelib-ketishi ummonga tomchi tushganday bir gap ekanini unga qanday tushuntirsin?

Matqobul buva nevarasini koyishga koyidi-yu, uni ranjitganidan afsuslandi. Nimchani olib, duo qildi-da, oʻrnidan turib, uyiga kirib ketdi. Har kuni oʻrik ostidagi soʻrida yotardi. Bugun dim boʻlsa ham, uyiga kirdi.

Sovgʻalardan boshlari koʻkka yetgan bolalari suyuna-suyuna birin-ketin uxlashdi.

Ahmad chalqancha yotganicha xotiniga bir gap aytishni oʻylaydi. Suyganiga xiyonat qilmagan boʻlsa-da, oʻzini aybdor his qiladi. Xotini ham indamaydi. Nazira betayin bir gumon bilan qolgan edi. Shu gumon qozonida qovrilib, boʻladigani boʻldi. Har tuni tushida erini koʻrardi. Har safar... birov bilan... Hozir erining indamay yotishidan yana tashvishga tushdi biror suyuqoyoq koʻnglini undan sovutdimi?.. Soʻray desa, tili bormaydi.

Ahmad xotinining yomon fikrda qolganini unutgani yoʻq. Endi, pokligicha qaytgach, shuni ma’lum qilib qoʻyishi lozim edi. Dabdurustdan aytsa, ishonmaydigina emas, «nimaga oʻzini oqlayapti», deb battar shubhasi ortadi. Ahmad koʻp oʻyladi, ammo aytish yoʻlini topolmadi...

...G'alati tush koʻribdi: rais unga oʻdagʻaylayotganmish: «Bolalarni nimaga chopiqqa chiqarding?! O'zing yayrab kelding, bolalar oftobda qovjirab yursinmi? Hovuzni tomoshaga qazitibmanmi, chiqar hammasini daladan, mazza qilib choʻmilishsin...»

Ahmad qarasa, kichkina hovuz, rostmana dengizday shovullayotganmish. Suvi tip-tiniq, oftobi yoʻlida gʻuborlar yoʻq emish...