OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiMalades chollar (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm228KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/05
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Malades chollar (hajviya)
Tohir Malik

«
Saksonboy tugʻilishidan bir yil avval boʻlib oʻtgan bu hangoma Lof daryosidan suv ichgani sababli ishonmaslik huquqiga egasiz
»
«
... Xudoga nima yomonlik qilgan ekanman, hayronman. Yuztagina ichaman. Ichamanu yotaman. Birovga zararim tegmasa. Ichishimning nimasi gunoh, hayronman? Aroqni men oʻylab topibmanmi? «Shu Turgʻunali degan bandam traxtir haydayverib, xotinini roddomga tashiyverib ezilib ketdi, yuztagina otib xumordan chiqsin», deb yaratgan boʻlsa-yu men ichmayinoq bu dunyodan oʻtib ketsam Xudoga behurmatlik boʻlmaydimi? Xoʻ-oʻsh... qiyomatda Xudo «Turgʻunalivoy, men yaratib qoʻygan dorini nazarga ilmadingizmi? Nega yuztagina otib, kayfingizni surmadingiz? Aroqning oʻzi xarom emas, kayfi harom», deb qolsa, nima degan odam boʻlaman? Xotinim ruxsat bermadi, deymanmi? Xoʻsh, kimning gapi gap? Xotinning gapimi yo Xudoning gapimi? E Xudo, yana bir marta xudoligingni qilgin: nasibamga yana yuz grammgina qoʻsh. Hozir shuni otib olmasam, yorilib oʻlaman, oʻzing tovonimga qolasan. Sal oʻzimga kelvolayin, keyin tashlasam, tashlay shu zormandani. Lekin... keyin ham «ichaver» desang, yana oʻzing bilasan. Men Sening gapingni qaytaradigan nomard bola emasman...
»


Avvali

Mazkur hangomani yozish fikri koʻp yillar muqaddam uygʻongan edi. Sovet davrida «agitatsiya va propaganda», ya’ni targʻibot va tashviqot ishiga gʻoyat katta e’tibor berilardi.Bu e’tibor ummoni ba’zan toshib, kulgili hollar yuzaga chiqardi. Bu haqda latifalar ham toʻqilar edi. Shulardan biri: Nasriddin afandi «Bilim» jamiyatiga lektor boʻlib ishga kirgach, yangilikdan xotinini voqif etibdi.

«Lektor deganingiz nima ish qiladi?»-deb soʻrabdi xotini.

«Agitatsiya va propaganda bilan shugʻullanadi», debdi Nasriddin afandi magʻrurlanib.

«Agitatsiya va propagandangiz nimasi?»-debdi xotini yanada ajablanib.

Shunda Nasriddin afandi sodda xotiniga dehqoncha qilib tushuntirmoqchi boʻlibdi:

«Tasavvur qilgin-ki, men koʻchada bir goʻzal jononni uchratib qoldim. Uni gapga solsam, bu agitatsiya boʻladi. Agar gapimga kirib men bilan birga ketsa, u yogʻi propaganda boʻladi»,-debdi Nasriddin afandi.

Bu gapdan keyin xotini chuqur oʻyga tolibdi.

«Yana tushumayapsanmi?»-deb achchiqlanibdi Nasriddin afandi.

«Tushunyapman,- debdi xotini «uf» tortib,- faqat bir narsaga hayronman, menam koʻzga yaqin, latofatli ayolman. Koʻchada ketayotganimda biron bir erkak toʻxtatib, agitatsiya va propaganda ishlarini boshlab yuborsa, nima qilaman?»

Bu gapdan achchiqlangan Nasriddan afandi «He, ahmoq, sen siyosat bilan shugʻullanma!» degan ekan.

Biz ham siyosat bilan shugʻullanmaymiz-u sovet davridagi ayrim ishlarni hazil tariqasida yodga olamiz.

Mazkur qissaga boʻlib oʻtgan voqealar qisman asos qilib olingan. Qaerda sodir boʻlganini aytib oʻtirmaymiz. Chunki bunday voqealar istalgan qishloqda yuz berishi mumkin. Saksoninchi yillarning oʻrtalarida fantast yozuvchilarning Moskvada boʻlib oʻtgan bir yigʻilishida ishtirok etgan edim. Shunda Bestujev-Lada degan sotsiolog olim fantastlarga murojaat qilib: «Hadeb kosmosni yozavermay, yerdagi muammolarga ham qaranglar. Tugʻilish borgan sayin kamayib ketyapti, qizlar erga tegishni istashmayapti, yigitlar uylanishni», dedi. Shunda men soʻzga chiqib, fantastikaga doir ayrim masalalarni gapirib boʻlgach, olimga yarim hazil, yarim chin tariqasida e’tiroz bildirdim: «Siz aytgan muammolar faqat ayrim xalqlarga tegishli. Masalan, oʻzbeklarda bunday muammo yoʻq. Oʻzbeklar bola tugʻilishi boʻyicha birinchi oʻrinda turadilar va men erkaklar nomidan va’da beraman-ki, yigirma birinchi asrda ham shu birinchilikni qoʻldan bermaymiz!»

Oʻsha hazil keyin-keyin hangoma yozishga turtki boʻldi. Qani koʻraylik-chi, hazilga qurbimiz yetarmikin?

Musoning Baqasi (Hangoma Boshlanishidan Bir Kun Oldin)

Bu qishloqlarning ajib nomi bor: biri – Sherqoʻzi, ikkinchisi – Sherbilak. Oʻrtadan oqib oʻtuvchi soy boʻlmasa, bu joyni ikki qishloqqa ajralishi shart ham emas. «Soy» deyilishi nomiga sal nomunosibroq, aslida eni bir quloch keluvchi ariq. Ilgari oʻrtada hovuz ham boʻlardi. Hovuzga hojat qolmagani uchun koʻmib, guzarga qoʻshib yuborishgan. Guzarning yarmi Sherbilakka qaraydi, yarmi esa Sherqoʻzi qishlogʻi ixtiyorida. Soyning ikki tomonida tugʻilsa-da, bir koʻchani changitib katta boʻlgan, urushga bir kunda ketib, bir kunda qaytib kelgan ikki oqsoqol: Tursunali bilan Teshavoy ikki qishloqni boshqarib, bu guzarlarni oʻzlaricha obod qilishadi. Ularning nazarlarida bu joy ikki qishloqning ikki guzari emas, balki ikki mamlakatning ikki poytaxti! Oʻrtadagi soy esa «davlat» chegarasi. Oʻzlari esa shu ikki mamlakatning ikki sultoni. Agar kolxoz raisi indamasa, soy boʻyiga uch-toʻrttadan chegarachi qoʻyishdan ham toymaydigan bu oqsoqollarga Xudoyim yaxshi ham katta martabalar bermagan-a, deb yuborging keladi. Deydilar-ki, Allohning moʻ‘jizalaridan biri – mushukni qanotli qilib yaratmagani, ikkinchisi, tuyaga shox bermagani. Bu ikki oqsoqolning fe’lini bilmaganlar shu ikki moʻ‘jiza bilan cheklanishadi. Aslida uchinchi moʻ‘jiza ham bor: bu Tursunali polvon bilan Teshaboy oqsoqolning yuqori mansablardan benasibligi.

«Sotsialistik musobaqa» degan olishuv bu qishloqlarga ham yetib kelgan. Dastlab «musobaqa oʻynalsin», degan farmoyish kelganda hamma hayron edi: «Toshbaqani bilardik, qurbaqani bilardik. Muso degani kim boʻldiykin, uning baqasi qanaqa baqa ekan, nega endi biz uning baqasini oʻynashimiz kerak, oʻzimizda ham baqalar bor-ku?» Keyin ma’lum boʻlishicha, Musoning bunaqa baqasi bu atroflarda yoʻq ekan. Uning ismi-sharifi - «sotsialistik» ekan, Maskov tomonlardan olib kelinarkan. Yillar oʻtib, odamlar Musoning sotsialistik baqasisiz turolmaydigan boʻlib qolishdi. Urushdan keyingi qaysi bir yili, kimningdir toʻyida Solimbuqoq «Musoning baqasi naq esimizni teskari qilib yuboryapti. Isoning baqasi ham kelib qolsa, enamizni koʻramiz shekilli?» degan edi, ikki kundan keyin milisaxonaga olib ketishdi. Xotini «Erimni qayoqqa olib ketyapsizlar?» deb soʻragan edi, «eringga Isoning baqasini koʻrsatib qoʻyamiz», deyishdi. Aldashmagan ekan, Isoning baqasini koʻrib kelsin, deb Solimbuqoqni Sibirga joʻnatishdi. Sibirning sovuq oʻrmonlarida Isoning baqasini koʻrish Salimbuqoqqa nasib etdimi yo yoʻqmi, noma’lum, lekin enasini koʻrdiyov, qaytib kelmadi.

Bitta erni talashgan toʻrtta kundoshning olishuvidan bu musobaqaning farqi - unda zoʻr chiqqani erning bir tunlik quchogʻiga, bunda zoʻr chiqqan esa bitta qizil bayroqqa erishadi. Kundoshlarning ahvolini tushunsa boʻladi, boshqa erni bozordan sotib olisholmaydi. Lekin musobaqa ishqibozlari talashadigan qizil bayroqni magazindan istagancha sotib olish mumkin. Shunga qaramay, jonlarini jabborga berib olishib yuraverishadi.

Ikki doʻst oqsoqolda kundoshlik kini yoʻq, toʻyda bir lagandan osh yeyishsa ham rais tasdiqlab bergan musobaqa shartlari boʻyicha zinhor-bazinhor kelisha olishmaydi. Guzarga bezak berishda ham shu shartlarga amal qilingan. Harbiy qoʻrgʻon atrofi tanklar bilan oʻralgani kabi guzarlar koʻrgazma-plakatlar bilan ihota qilingan. Bunchalik plakat hatto rayon markazida ham yoʻqdir. Oʻng tomonda «Sherqoʻzi qishlogʻining faxri», chap tomonda «Sherbilak qishlogʻining shonu shuhrati», chap tomonda «Qahramon-onalarimiz», oʻng tomonda «Qahramon ona bular», chap tomonda «Olimlarimiz», oʻng tomonda «Sherbilak olimlari» Yana «Rahbarlarimiz» – «Eng zoʻr rahbarlarimiz», «Sportchilarimiz» – «Dodaxoʻja sportchilar»...

Boshqa sayyoradan uchib kelgan fazogirlar adashib, shu qishloqqa tushib qolishsa, bu manzarani koʻrib, «bu yerliklarning tugʻilishdan maqsadlari sotsialistik musobaqada ishtirok etish. Yashashdan niyatlari ham shu. Oʻlishlari ham musobaqa shartlari asosida boʻladi», deb xulosa chiqarishi tabiiy. Ular faqatgina mozordagi goʻrlarga musobaqa gʻoliblarining qizil bayroqlari qadalmaganidan ajablanishlari mumkin. Yana kim biladi... chetdan fazogirlar tashrif buyurishgani yoʻq. «Tez va sifatli oʻlish musobaqasining gʻolibiga» degan qizil bayroq ta’sis etilgani ham ma’lum emas.

Sherbilak bilan Sherqoʻzi qishloqlariga boshqa sayyoralardan vakillar qadam ranjida qilishmagan boʻlishsa-da, rayondanmi yo boshqa joydanmi komissiya kelib, koʻngillarni xushnud qilib turibdi. Ular har kelib-ketganidan soʻng plakatlar ikki oqsoqolning nazoratida yangilanadi. Har yangilanish karnay-surnay sadolari ostida boʻlib oʻtadi. Ammo bugun karnay-surnayga oʻrin yoʻq. Bugun oqsoqollarning kunlari tunga aylangan – jon joʻralaridan birini Yaratganga topshirib, oʻzlarining ham soʻngsafarga tadorik boshlashlari lozimligini his qilgan holda, egik bosh bilan guzarga qaytdilar.
— Mana, yana bir oshnamizni Egamga topshirib boʻldik,- dedi Teshavoy oqsoqol, chuqur xoʻrsinib.
— Ha... Erali yosh ketdi. Bizdan bir yosh kichik edi-da, a? Sakson ikki, deb koʻtarildi-yu omma domla notoʻgʻri aytdi. Hali saksonga kirmovdi. Uning onasi mening ayamga aytgan ekan, Erali soʻfiqishloqlik Sadirchanoqning eshagi boʻkib oʻlgan yili tugʻilgan ekan. Oʻsha eshak oʻlganda senam, menam yugurib yuradigan boʻlib qolgan ekanmiz.- Tursunali polvon shunday deb doʻstiga savol nazari bilan qaradi.
— Nechchiga kirgan boʻlsa ham ketdi... Teng-tushlardan endi ikkimiz qoldik. Xudo endi sening umringni uzoq qilsin, oshna.
— Xudo sening umringga ham baraka bersin.
— Qara-ya, ana-mana deguncha yoshlik ham oʻtib ketdi. Umrimiz ham bir tutamgina qoldi. Oʻylab qarasam, kechagina Erali bilan singlimni talashib yuruvdilaring. Senlar talashdilaring-u omma ikkovingga ham nasib etmadi.
— Erali bilan talashmaganmiz. Erali bir orzu qilgan qoʻyganda. Tuya ham hammomni orzu qilar ekan-ku, a? Hamrobonu uni sirayam yaxshi koʻrmas edi. Koʻngli menda edi. Sen oʻshanda nomardlik qilib, singlingni menga bermading. Qoʻy, u gaplarni esimga solib, tilimni qichitma. Menga qara, ertamatan Oʻroqboyning eshigi tagida doʻxturning moshini turuvdi, tinchlikmi?
— Xotinining tobi yoʻq ekan, doʻxturga olib ketishibdi.
— Homilador edi, boyaqish, eson-omon qutulib olsin. Bunisi sakkizinchisimi?
— Ha, Xudo xohlasa, ikki yilda u ham giroy* boʻlib qoladi.
— Boʻlsin, boʻlsin...

Tursunali polvon noxush kayfiyatda shunday dedi-da, xayrlashib, uyi tomon burildi. Oshnasi keyingi gaplarni aytmasa ham, Tursunali polvonning bugungi qaygʻusi oʻziga yetarli edi. Oshnasi eslatmasa-da, Hamrobonuni talashib Eralini urganini yodga olib, afsuslangan edi. «Oʻroqboyning xotini ikki yildan keyin giroy boʻladi», deyishi ham oʻrinli boʻlmadi. Aslida Tursunali bu gapga e’tibor bermasa ham boʻladi. Oʻroqboyning xotini endi sakkizinchisini tugʻadi. «Qahramon ona» unvonini olish uchun yana ikkita bola koʻrishi kerak. Demak, Sherqoʻzi qishlogʻi bu sohada hali beri ularga yetib ololmaydi. Shunday boʻlsa-da, Teshavoyning gapidan ogʻrindi. Bekor ogʻrinmagani ertalab ma’lum boʻldi.

Fotima, Hasan Va Husan (Hangomaning Boshlanishi)

Subhi sodiqda, hali soʻfi tahorat qilmay turib birdaniga karnay-surnay, nogʻoralar yangrab qoldi! Shu asnoda har ikki qishloq baravariga uygʻondi. Aslida-ku, nogʻora bazm boʻlmasa ham shu paytda uygʻonishardi. Qishloqda quyoshdan avval turmagan odam odam hisoblanmaydi.

Tursunali polvon qoʻshni qishloqdagi bazm boshlanmay turib uygʻongan edi. Yuz-qoʻlni yuvib, artinayotgan paytda yangragan ovozlardan ajablanib, oʻylanib qoldi. Qancha oʻylamasin, tong bazmi uchun asos boʻluvchi sababni topa olmadi. Tong qorongʻusida koʻchaga chiqib, atrofga qaradi: hech kim yoʻq. Soyning narigi tomonida esa karnay-surnay, nogʻora ovozi tobora avjga chiqadi. Tursunali polvon guzar oʻrtasida biroz garangsib turib, soy tomon yurdi. Ammo koʻprikdan oʻtmadi. Qoʻshni qishloq tomonda biron tirik jon koʻrinib qolar, degan umidda qarab turaverdi. Tirik jon u tomonda emas, oʻzining saltanatida paydo boʻldi. Tursunali polvonning oʻng qoʻl vaziri maqomida yuruvchi Qambarali mullavachcha yigitlarday qiroat bilan salom berdi.
— Nima balo boʻlgan bularga?- dedi Tursunali polvon salomga alik olgach.- Bugun toʻy-poʻyi yoʻgʻidi shekilli?
— Toʻyi yoʻq, buni tochna* bilaman,-dedi ishonch bilan Qambarali.
— Unda nima uchun xoʻrozning uyqusi ochilmay nogʻora bazmni boshlab yubordi bu togʻang?
— Razvedka* qilib kelaymi, Batka?

Tursunali polvon bu savolga javob bermay turib «Batka»ning ma’nosiga izoh berib qoʻyishimiz lozim. Bu tomonlarda yashovchi odamlardan birontasi haqida gapira turib: «shu kishining bosh chanogʻi ostida tariqday ham miya yoʻq», deyilsa, inonishadi-yu, ammo «laqabi yoʻq» deyilsa, mutlaq ishonishmaydi. Shunga koʻra, Tursunali polvonimizning ota-bobo meros laqablari –«xoʻkiz»dir. Kimga ismi yoki nasabi yoqmasa, milisaga borib boshqacharogʻiga almashtirishi mumkin. Lekin, laqab oʻzgarmaydi. Tursunali polvonning qaysi bir bobosiga «xoʻkiz» degan sharafli laqab berilganmi, tamom, buni hech kim oʻzgartira olmaydi. Agar bir moʻ‘jiza yuz berib, shu urugʻda eshak tugʻilsa ham uning laqabi baribir «xoʻkiz»ligicha qolaveradi. Avvalgi yili bir odamning laqabini almashtirishga urinib koʻrildi-yu, biroq kutilgan natijaga erishilmadi. Tursunali polvonning «xoʻtik» laqabli oshnasi boʻlardi. Shu oshnasi yetmish besh yil bu laqabni koʻtarib yurib orlanmagan edi, hozir shaharda yashayotgan nabirasi uyalibdi. Qishloqdan borgan doʻstlari «xoʻtik» deb hazillashishgan ekan, shaharlik birodarlari oldida orlanibdi. Qishloqqa kelganida Tursunali polvonga shikoyat qilib, «zamonlar oʻzgarib ketdi, endi bu odatni tashlash kerak», debdi. Tursunali polvon unga achingan boʻlib: «Odatni tashlash qiyin, lokin sening laqabingni oʻzgartirib berish mumkin. Buning uchun sen samovorxonada ulfatingga bitta osh damlaysan. Men Teshaboy togʻang bilan borib, fotiha beraman», debdi. Osh damlanibdi, soʻng ishtaha bilan yeyilgach, Tursunali polvon fotihaga qoʻl ochibdi: «Ota-bobolaring «xoʻtik» degan laqabni koʻtarib yura-yura oʻlib ketishdi. Endi zamon oʻzgardi. Senam katta odamsan. Xoʻtikka oʻxshamaysan. Qoʻzi ulgʻaysa - qoʻchqor, joʻja ulgʻaysa - tovuq, xoʻtik ulgʻaysa - eshshak boʻladi. Omiyn, bugundan boshlab laqabing – eshshak!» Oqibat nima boʻldi? Avvalgi laqabga qaytish uchun uchun samovorxonada yana bir osh damlandi.

Tursunali polvon ham laqabini oʻzgartirishga urinib koʻrgan edi. Urushdan qaytgan kezlari «Germaniyadagi qishloqlarni boshqaradigan odamning mansabini «burgomistr» deydilar, menam shu qishloqning burgomistriman», degan edi. Uning hurmatini qilgan yoki haybatidan choʻchiganlar uch-toʻrt kun uni «burgomistr» deb yurdilar. Bir yigʻinda oshnasi Teshavoy: «Toʻgʻri, sen burgomistrsan, faqat toʻgʻri aytgin: sen burgalarning ministrisan!» degach, da’vosidan qaytishga majbur boʻldi. Burgalarning ministri boʻlgandan koʻra, «xoʻkiz»ligicha yurish ma’qul koʻrinib, samovorxonadagi bir ziyofat hisobiga asliga qaytgan edi.

Oradan yillar oʻtib, Qambarali uni «Batka» deb atay boshlagach, bu laqab xush yoqdi. Otasi tengi odamni «xoʻkiz» deyishga tili bormagan Qambarali kino koʻrib oʻtirib, shu soʻzni eshitgani hamon, polvon togʻasiga atab qoʻya qolgandi. «Batka»ning tarixi bilan tanishdik, endi guzarga qaytaylik:

Qambaralining razvedkaga borib kelish haqidagi taklifi ma’qul boʻlsa ham, Tursunali polvon oʻylanib turib: «Toʻxta-chi, u tomondan biron gap chiqib qolar», deb ruxsat bermadi.
— Razvedkaga borish kerak. Bularingiz bir baloni xayol qilishgan, buni tochna bilaman.

Qambarali bir nimaning isini olmasa «tochna» bilishini da’vo qilmaydi. Teshavoy oqsoqol bir kuni Tursunali polvonga «Zoʻr dastyoring bor-da, bilmagan narsasi yoʻq. Bu bolang otasining belida qanday yurib, onasining qorniga qanday tushib qolganigacha tochna biladi», deb bekorga maqtamagan edi. Hozir oʻsha maqtov esiga tushib, uni yoʻldan qaytargisi kelmadi:
— Bor, anigʻini bilib kel.

Miltiqning tepkisi bosilgan choqda oʻq «otilib chiqsammi yo yoʻqmi», deb oʻylansa kerag-u, biroq batkasidan topshiriq olgan Qambarali sira oʻylanib oʻtirmaydi. Hozir ham koʻprikdan oʻtishga qanoat qilmay, bir sakrab nariga betga oʻtdi-yu qishloq oralab ketdi.

Bu guzarni yarim aylana qilib oʻrab turgan xonadonlarning biri Tursunaliniki boʻlsa, uch eshik naridagisi Sobitaliniki. Sobitali kecha odam qatoridan chiqqani uchun bugun kun tikkaga kelgunicha uxlasa ham yarashardi. Lekin nogʻora bazmi bu bechoraning tinchini buzdi. Tomogʻi qaqrab suv ichay desa, chelaklar boʻm-boʻsh, xotinini chaqirsa - uyda hech kim yoʻq. Nima gapligini anglamay garang holda guzarga chiqdi. Avvaliga Tursunali polvonni koʻrmadi. Soyga engashib, yuz-qoʻlini yuvib, roʻmolchasiga artindi. Soʻng roʻmolchani hoʻllab peshonasiga bosgach, sal orom olganday boʻldi. Shundan keyingina qishloq oqsoqoliga koʻzi tushib, qaddini koʻtardi. Tursunali polvonni qoʻshni qishloqqa tikilib turganidan ajablandi. Ertalabdan uning qahriga duch kela qolmay, degan oʻyda astagina uyiga kirib ketmoqchi edi, Tursunali polvon oʻgirilib, tomoq qirib qoʻydi. Sobitalining taqqa toʻxtashiga shu tovushning oʻzi kifoya qildi.
— Assalomu alaykum, rais togʻa,-dedi u oʻgirila turib.
— Vaalayk. Ha, saharmardonda turib olibsan? Yana bosh ogʻriyaptimi?
— Ogʻrish ham gapmi, yorilay deyapti, togʻa.
— Qoʻrqma, yorilmaydi,- Tursunali polvon shunday deb unga yaqinlashdi.
— Yorilmaydi? Nega yorilmaydi?-dedi Sobitali ajablanib.
— Boʻm-boʻsh bosh yorilmaydi. Bosh yorilishi uchun ichida bir nima boʻlishi kerak. Sen alkashga Xudo aql bermaydi shekilli, a? Odamlar «Sherbilak qishlogʻi» demay, «Sobit alkash yashaydigan qishloq», deydigan boʻlishibdi. Qishloqni pozorlarga qoldirding.

Tursunali polvon aslida «isnodlarga qoldirding», demoqchi edi. Lekin «pozor»degani isnodning uchchiga chiqqanidir, degan xayolda urushda oʻrganib kelgan shu soʻzni ishlata qoldi. Sobitaliga hozir «pozor» deydimi yo «isnod»mi, farqi yoʻq edi. Sekingina uyga kirib, boshini yostiqqa qoʻyishdan boshqa orzusi yoʻq edi. Shu maqsadda bir qadam bosgan edi, Tursunali polvon toʻxtatdi.
— Ha, qayoqqa?
— Qaynotamnikiga borib kelay...

Sobitali nima uchun shunday deb yuborganini oʻzi ham bilmadi. Bu gapdan Tursunali polvon hayron boʻldi:
— Kallai saharlab qaysi ahmoq qaynotasinikiga boradi?
— Bormasam boʻlmaydiganga oʻxshab qoldi,-dedi Sobitali undan qutulish yoʻli topilganiga quvonib,- ertamatan turib qarasam, yonimda xotinim yoʻq. Bollar ham yoʻq. Uyiga ketdimikin, deyman-da?
— Kechasi yoningdamidi?-Tursunali shunday deb unga qattiq tikildi. Sobitali bu qarashga dosh berolmay, koʻzlarini olib qochdi.
— Yonimda edi...-dedi biroz duduqlanib. Keyin ishonchsizligini yashirish uchun qoʻshib qoʻydi:-Quchoqlaganim esimda, keyin uchib qolibman-da.
— Be... Sen kayfingda bilmagansan. Xotiningni emas, Teshaboy togʻangning eshshaginimi yo itinimi quchoqlagansan. Ana, basharangni it yalaganga oʻxshaydi. Menga qara-chi,- Tursunali polvon shunday deb uning yuziga tikilib qaradi-da, bosh chayqab, oʻz gapini oʻzi inkor etdi:- yoʻq, it yalamagan. It bunaqa isqirt basharani yalamaydi. Koʻngli ayniydi. Basharti bilmay yalab qoʻysa ham, zaxarlanib oʻla qoladi.
— Gapga ham toʻn kiygʻizvorasiz-da, rais togʻa, gʻirt mast boʻlsam ham xotin bilan eshakning farqiga borarman.

Sobitalining dadil shunday deyishi bejiz emas: gʻirt mast boʻlsa-da, xotinining dumi yoʻqligiga aqli yetib turadi. Tursunali polvon uning bu boradagi fahmiga tan berdimi, sal boʻshashganday boʻldi:
— Xotining yarim kechada ketib qolgan. Oʻzim koʻrdim.
— Arazlagandir-da...-dedi Sobitali oʻkinch bilan.-Kecha ertamatan diydiyosini boshlaganida «Endi ichsam har narsa boʻlay», deb qasam ichvorganidim. Qasamni buzganimga chidamagan, fe’lini bilaman.
— Sen bola gapni chuvimagin-da, toʻgʻrisini aytaver: nima deb qasam ichganingni oʻzim eshitganman. «Endi ichadigan boʻlsam, erkak emasman, haligindaqa... mayda qadamman», degansan. Deganmisan?
— Ha, endi...-Sobitali chaynalgan edi, Tursunalining qahrli nazaridan choʻchib tan oldi:-Xotinni tinchitish uchun degan boʻlsam, degandirman.
— Ha, degansan! Xoʻsh, endi erkakmisan, yo?..
— Be, u qasam hisobga oʻtmaydi.
— Nega oʻtmas ekan?
— Qur’onni oʻpib qasam ichmaganman.
— Bahonangni qara-ya! Oʻzingning aqlingga kela qoldimi yo... Sen alkashning qoʻliga qaysi ahmoq Qur’on berib qoʻyarkan? Bilib qoʻy: kecha qasaming qabul boʻlgan, tamom! Endi sen erkaklikdan chiqding. Xotining keta turib shunaqa dedi. «Erim erkak emas ekan, endi bitta erkak topib, tegaman», dedi. Xotining naq oʻgʻil bolaning gapini aytdi, otasiga rahmat!
— Choʻpchak toʻqivordingiz, rais togʻa. Mening xotinim unaqa demaydi.
— Aldayapti, desang, bor, boraver. Qaynotangnikida yoʻq boʻlsa, ishonasanmi, gapimga?

Bu gapdan keyin Sobitali teshilgan pufak holiga tushdi.
— Rais togʻa, qayoqqa ketvordiykin?-dedi yigʻlaguday boʻlib.

Hozir u yomon ahvolda qolgan edi. Xotinining ketib qolishi unga yangilik emas. Bu atrofda uyiga arazlab ketib qolmaydigan xotin zotining oʻzi yoʻq. Ammo «erim erkak emas ekan», degan la’nat toshini otib ketadigani shu paytgacha boʻlmagan. Sobitali koʻp ichgani uchun uning gapiga ishonishmaydi, biroq, xotinining gapiga chippa-chin ishonishadi. Uning tashvishi shundan ekanini anglagan Tursunali polvon hujumini davom ettirdi:
— Bu atrofda kim koʻp, koʻziga qon quyilgan buqaday erkak zoti koʻp. Bitta-yarimtasi bilan ahdu paymoni kelishib qolsa, shartta nikohiga oʻtadi-qoʻyadi-da.
— Tegib koʻrsin-chi!-Sobitali gʻazab bilan baqirib yuborganini oʻzi ham sezmadi. Bu onda rais togʻasining haybatidan ham choʻchimay qoʻydi:-Ikkoviniyam onasini naq Uchqoʻrgʻonning qayqisidan koʻrsataman! Siz-chi, togʻa... sovuq nafas qilmang. Men uni qoʻymaganman, erga tegishga haqqi yoʻq.
— Hovliqma, oʻpkangni bos, kecha sen uni uch taloq qoʻyding.
— Kayfdagisi hisobmas, Qosim domla aytgan.
— Sen alkashga fatvo beradigan domla ham darrov topila qoladi-ya! Domlangga borib ayt: noma’qul buzoqning goʻshtini yemasin. Uch taloq qoʻyganing hisob. Men guvoh boʻldim. Bu qishloqda anov-manov domlangning gapi oʻtmaydi. Mening gapim – zakun*! Uch taloq qoʻydingmi – tamom! Endi u bilan yana yashamoqchi boʻlsang, avval xotining uchta erga tegib chiqishi kerak. Uchchalasidan hech boʻlmagandan bittadan tugʻishi kerak. Ana undan keyin beshta bolangni sakkizta qilib yashayverasan.

Bu gapni eshitib, Sobitali choʻchib tushdi, bosh ogʻrigʻini ham unutdi:
— Nima! Sakkizta dedingizmi?
— Ha, bola, hisobdan chatogʻing bormi? Qani, choʻtga tashlab koʻr-chi: beshta oʻzingning bolangmi? Uchtasi... hasharda.
— Choʻpchak toʻqimang, togʻa, bunaqa zakun yoʻq.
— Nega yoʻq boʻlarkan, bor! Men chiqarganman shu zakunni. Meniki hisob.
— Sizniki oʻtmaydi, sizda pechat* yoʻq.
— Pechat yoʻq, dedingmi? Mana bu-chi, oʻtmaydimi?- Tursunali shunday deb mushtini Sobitalining dahaniga tiradi.-Fashistga oʻtgan bu pechat senga ham oʻtib qolar deymanov, a?

Ikki yil ilgari bu muhr yengilroq tarzda boʻlsa-da, yuzini qanday bezaganini eslagan Sobitali orqasiga tisarildi.
— Rais togʻa, yomon gap aytmadim-ku, xotinimni qoʻymadim, dedim xalos. Shunga ham pechatmi?
— Agar sen qoʻymagan boʻlsang, xotining seni qoʻydi. Uch taloq qoʻydi.

Sobitali bu gapdan keyin kula boshladi.
— Ha, nega kuydirgan kalladek ishshayasan?-dedi Tursunali polvon achchiqlanib.
— Uch taloq qoʻygan boʻlsa... endi menam uchta xotin olamanmi? Har bittasini bittadan tugʻdirib, a?
— Olasan-a, olasan! Ana, bittasiga Hanifa beva kutib turibdi, yugura qol.
— Piching qilavermang, mening u bilan bordi-keldim yoʻq. Bir martagina televizorini tuzatib berganman, xalos.
— Sen bola boshqa qishloqlardagi mingta bevanikiga borsang ham boraver, omma Sherqoʻziga qatnama. Hanifa bevaning nechta bolasi bor, bilasanmi?
— Men sanabmanmi, qayoqdan bilaman?
— Sen sanamagan boʻlsang, men bilaman: toʻqqizta bolasi bor.
— Toʻqqizta boʻlsa, menga nima?
— Senga nima?-Tursunali uni yelkasidan ushlab, silkidi:- Orada shayton bor-a... Televizori kun ora buzilib tursa. Bu bevaning bolasi bir yildan keyin oʻnta boʻlib qolsa-chi?
— Nima boʻladi?

Tursunali polvon «rostdanam tushunmaydimi yo meni kalaka qilyaptimi?» deganday unga tikilib turdi-da, bu safar yelkasidan qattiqroq ushladi:
-Dard boʻladi! Balo boʻladi! Agar sen tufayli oʻninchisini tugʻsa, u giroy boʻladi! Bolani oʻzining eridan tugʻdimi yo senga oʻxshagan ahmoqdanmi – hukumatga farqi yoʻq, giroylikni beraveradi. Bilib qoʻy: har bir qadaming hisobda.
-Rais togʻa, meni alkash deysiz, mayli, tan olaman. Omma bunaqa chakki yuradigan yigitmasman. Bolalarim bor-a! Palakatidan qoʻrqaman,-dedi Sobitali ezgin ovozda.
-Ichmagan paytingda qoʻrqasan, kayfing oshganda Xudodan ham qoʻrqmay ketasan. Agar bollaring koʻzingga koʻrinsa, ichib olib koʻcha-koʻyda moldek agʻanab yotmagan boʻlarding. Gap bunday: sen bevanikiga sakkizinchi iyunda kirgansan. Agar u keyingi yil sakkizinchi martda tugʻsa, sen bilan adi-badi aytishish yoʻq, naq oyogʻingdan osaman!

Tursunali keyingi gapni shunchaki poʻpisa uchun aytdi. Erkak kishini koʻrsa ishtonbogʻi boʻshab ketadigan xotinlar chet elliklarning kinosida boʻladi. Bu qishloqlardan hali begona erkakka oʻgʻrincha qaraydigan ayol chiqmagan. Ayniqsa, Hanifa beva haqida yomon fikrga borib boʻlmaydi. Erini oʻtgan yili yerga qoʻygan xotin toʻgʻrisida shunday gumonli gap aytvorgani uchun Tursunali polvon afsuslandi. Oʻzini oʻzi la’natladi. U Sobitali alkashni bir oz ezib qoʻymoqchi edi, gapi chalgʻib, Hanifaning sha’niga tegib oʻtdi. Biroq, ochigʻini aytganda, Hanifadan ranjigan tomoni ham bor: Hanifaning yetti ajdodi Sherbilakda tugʻilib, yashab oʻtgan boʻlsa ham, Sherqoʻzilikka turmushga chiqdi. Qiz tushmagurning koʻngli shu yigitga moyil ekan, nima qilisha olardi? Yillar oʻtib, «Qahramon ona» unvoniga da’vogar boʻlib qolishini oʻsha paytda bilganida bu toʻyni toʻxtatib, qizni sherbilaklik biron azamatga olib berishga urinib koʻrardi. Kuyov bolani avaylab-asrardi. Toʻqqizta boladan keyin oʻlib ketishiga yoʻl qoʻymasdi. «Otamning oʻlishini bilganimda bir qop kepakka almashtirib yuborardim», degan ekan bir nodon. Tursunali polvon endi ming armon qilsin – foydasi yoʻq. Armonini birovga aytolmaydi – ich-etini yeb yuraveradi.

Oyogʻidan osilishi haqidagi tantanali va’dani eshitgan Sobitali unga tikilib qoldi. Keyin «bunaqa masalada men farishtaman», dedi-da, nari keta boshladi. Tursunali polvon bu masalada qovun tushirib yengilganini bilsa-da, tan olgisi kelmadi. Sobitalining burilib ketishi, oʻzining jim qolishi magʻlublik xarsangtoshini yelkaga olish bilan barobar edi. U nimadir deyishi zarur ekanini bilardi-yu, biroq, tiliga ma’niliroq gap kelmasdi. «Sobitali inim, keyingi gaplarim hazil edi, sal bema’niroq chiqdi, senam kechir, eshitmagan boʻlsa-da, Hanifa ham kechirsin, shunda Xudo ham kechiradi», desa olam guliston edi. Biroq, bu gap oʻrniga boshqachasi keldi:
-Hoy bola, yurayotganingda sal u yoq-bu yoqqa qarab qoʻy, sezyapsanmi? Koʻchamizdan it oʻtmaydigan boʻlib qoldi-ya?
-Nega?-dedi Sobitali toʻxtab.
-Sening sassigʻingdan qochyapti bari. Boʻkib ichaverib, sasib ketyapsan, bola!
-Mening sassigʻim sizning gaplaringizchalikmasdir...- shunday deb yana yoʻliga ketaverdi.

Tursunali polvon dami ichiga tushganicha qolaverdi. Tuzsiz gapi bilan Hanifa bevaning nomini bulgʻab qoʻygani uchun pushaymonlik botqogʻida boʻgʻilib turmaganida mot boʻlish qayda edi, bu bolaning burnini yerga ishqashdan ham qaytmasdi-ya!

Hanifa bevaning nomi shunchaki tiliga kelib qolgani yoʻq. Bu ayol toʻqqizta bola koʻrgan boʻlsa-da, hali tarovatini yoʻqotmagan. Musulmoncha qoidaga muvofiq iddasi oʻtish u yoqda tursin, erining yili ham oʻtib boʻlgan. Agar qarindoshlari yolgʻiz yurmasin, deb uni birontasiga nikohlasalar-u oʻninchisini tugʻib bersa, Sherqoʻzi qishlogʻi «Qahramon ona»larning koʻpligi boʻyicha ulardan oʻtib ketishlari hech gap emas. Tursunali polvonning tashvishi shundan.

Sobitali muyulishga borganda roʻparasidan Qambarali chiqib qoldi. Sherqoʻzi qishlogʻining bu biqinidan kirib, narigi quyrugʻidan aylanib chiqayotgan Qambarali Sobitalini koʻrib, toʻxtadi. Sal narida tek turgan batkasiga bir qarab olgach, qoʻshnisi bilan soʻrashdi:
-Sabitchik, qalaysan? Qayoqqa ketyapsan, magazin hali ochilgani yoʻq.
-Magazingamas, qaynotamnikiga ketyapman,-dedi Sobitali boshiga ogʻir qaygʻu tushgan odamning zorli ovozida.
-Xotining yana ketib qoldimi?-Qambarali shunday deb kuldi.-Senam hadeb unga yalinavermaginda. Shartta yangila. Svejiysi* boshqacha boʻladi, men buni tochna bilaman. Toʻxta, ketmay tur, senga ish bor. Televizorim yana buzildi.
-Nega buziladi?
-Bilmadim. Toshkanda bitta ashula boshlansa, yarmiga bormay Maskovdagi oʻrischa ashulaga ulanib ketadi. Xullas, atala boʻlib ketdi.
-Hozir vaqtim yoʻq, oʻn birdan keyin tuzatib beraman.

Sobitali «vaqtim yoʻq» deganda kechagi maishatdan keyingi «bosh ogʻriq»ni qoldiradi, degan bahonada yutiladigan bir piyola aroqni nazarda tutganini Qambarali bilmas ekanmi? Hukumat nodon-da, aroqxoʻrlarga insof kirar, degan maqsadda ichkilikni soat oʻn birdan keyin sotishga amr qilib qoʻygan. Magazinchilar anoyi ekanmi? Araqni oʻn birgacha berkitib, «sallasi» bilan sotishadi, oʻn birdan keyin oʻz narxiga. Araqxoʻrlar ham anoyi ekanmi? Araqqa zoʻrgʻa pul topishadi-ku, «sallasi»ga balo bormi? Mana, Sobitali. Hukumat qarori chiqqanda ikki-uch kun soʻkib yurdi. Keyin taqdirga tan berdi-da, oʻz ish vaqtini soat oʻn birdan deb belgiladi.
-Oʻn bir, deb boshni qotirma. Bu doʻkonda baribir balo ham yoʻq. Men bitta «stolichniy» malchigidan* olib qoʻyganman. Ikkalamiz tupukdek-tupukdek qilib, maydalashamiz.

Bu gapni eshitgan Sobitalining koʻzlari moshdek ochilib ketdi. Quruq xabardan-ki rohatlangan odamning aroqni koʻrganda bir karra, yarim piyolani otib olgandan keyin esa oʻlik holiga ikki bora jon qaytishini tasavvur qilavering. Sobitali oʻzi tomon qarab turgan Tursunaliga bir qarab oldi-da, Qambaralining qoʻlidan ushladi:
-Unda tezroq yuraqol.
-Toʻxta, men Batkaga otchet* topshirib olay. Ungacha sen qaynotangnikiga borib kel.
-Qaynotamnikida balo bormi, yur.

Sobitali gapini tugatmay, Tursunalining jarangdor ovozi yangradi:
-Qambar! Hajiqizlarga oʻxshab nimalarni visirlashyapsan? Qambar deyapman!
-Labbay, Batka, ketyapman!

Qambarali shunday deb Sobitalini ikki oʻt orasida qoldirdi-da, xojasi tomon yugurdi.
-Batka, razvedka zoʻr oʻtdi, gʻalati xabar bor.
-Nimasi gʻalati?-dedi Tursunali, uni norozi qiyofada qarshilab.
-Oʻroqboyning xotini giroy boʻlibdi!

Qambarali bu xabarni aytgandan koʻra Tursunali polvonning boshiga gurzi bilan besh-oʻn marta ursa, u bunchalik garangsimagan boʻlardi.
-Nima, qaytar-chi?-dedi u boʻgʻilib.
-Oʻroqboyning xotini giroy boʻlibdi. Shuning suyunchisiga nogʻora bazmni boshlab yuborishibdi.

Bu gapdan keyin Tursunali polvon Qambaralining yoqasidan olganini oʻzi ham sezmay qoldi. Qambarali «Batka, tuqqan men emasman, Oʻroqboyning xotini-ku», deb changaldan boʻshalmoqchi edi, tili kalimaga kelmay qoldi.
-Oʻroqboy deyapsanmi? Oʻsha kalamushning xotini giroy boʻlibdimi?-deb baqirib yubordi Tursunali polvon.-Sen jinnimisan yo men paytavafahmmanmi? Uning giroy boʻlishi hecham mumkinmas. Birinchidan: u yigirma kundan keyin tugʻishi kerak, doʻxtir bilan oʻzim lichna* gaplashganman. Danniylar aniq. Ikkinchidan, uning yettita bolasi bor. Tuqqan boʻlsa sakkizinchisini tuqqandir. Sakkizta bola tuqqanga ham giroylikni berib yuboradigan ahmoq hukumat yoʻq, bilib qoʻy, akasi aylansin!
-Batka, buni menam tochna bilaman. Lekin Oʻroqboyning xotini birvarakayiga uchta tugʻibdi-da!
-Uchta?-Tursunali polvon ishonqiramay bosh chayqab, Qambaralini changalidan boʻshatdi:-Boʻlishi mumkin emas. Echkiday ham kelmaydigan shu kichkina xotin uchta tugʻarkanmi?
-Erining laqabi «kalamush» boʻlganidan keyin shunga moslab kalamushday qilib tugʻib tashlayvergandir-da. Bunaqalar toʻrtta tugʻsa ham ajablanmaslik kerak.

Tursunali bu gumonni eshitib, bosh chayqadi:
-Yoʻq, bu yerda boshqa gap borga oʻxshaydi. Agar shumxabaring rost chiqsa, sherqoʻziliklar giroy xotinlar boʻyicha bizga yetib olishadi. Bu taraqa-turuqni shuning uchun boshlashgan. Ha... toʻrt yarim oydan keyin nima boʻladi, bilasanmi?

U shunday degach, galife shimining choʻntagidan daftarcha chiqarib varaqladi. Kerakli sahifa topilgunicha aytish joizki, urush tugaganiga salkam qirq yil boʻlganiga qaramay, uning egnidan ikki yoni «F» harfi singari shishib turuvchi galife shim tushgani yoʻq. Oʻn besh yil avval harbiylar kiyim-boshi oʻzgarib ketgan boʻlsa-da, Tursunali polvon bunday shimni qaerdan topadi – hech kim bilmaydi. Teshaboy oqsoqol soʻraganlarga «Bir vagon nemisni asirga tushirib, shimini yechib olgan», deb hazil bilan javob beradi.

Tursunali polvon toʻrt yarim oydan keyin nima boʻlishin aytgunicha Qambarali shoshqaloqlik bilan javob qaytardi:
-Tochna bilaman, Maskovdan ukaz* chiqadi.
-Tochna bilmay tiling kesilsin sening,-dedi Tursunali toʻngʻillab.- Ukaz-pukazingni yigʻishtirib tur. Toʻrt yarim oydan keyin Choʻmichboyning xotini oʻninchisini tugʻadi. Boltaboyda sakkiztami? Palakat bosib xotini egizak tugʻib bersa, rasvo boʻlamiz! Pozor! Pozor! Sherbilak erkaklariga pozor! –shunday deb daftarchasini yana varaqlab, endi Qambaraliga umid va najot koʻzi bilan qaradi:-Ishlar chatoq, Qambar, chora koʻrmasak boʻlmaydi.
-Batka, men ming harakat qilsam ham xotinim toʻrt-besh yilsiz giroy boʻlolmaydi,-dedi Qambarali nochor odamning ezgin ovozi bilan.
-Sendan yorugʻlik chiqmasligini aytmasang ham oʻzim bilaman,-dedi Tursunali polvon hafsalasizlik bilan qoʻl siltab.

Tursunalining tashvishi bejiz emas. Kecha Teshaboy oqsoqol bilan xayrlashganidan beri yuragi siqilib, qovogʻi uchayotgani bekorga emas ekan. Ikki qishloq orasidagi sotsialistik musobaqada barcha shartlar boʻyicha yutqizsa chidashi mumkin-u, biroq bu yoʻnalishda ortda qolguday boʻlsa yorugʻ dunyodan armon va isnod bilan koʻz yumishi aniq. Shunda ham oʻz ajali bilan oʻlmaydi, sharmandalik oʻqidan ketadi.

Qambarali batkasining hamma narsani «tochna» bilishiga ishonadi. Shuning uchun bahslashib oʻtirmaydi. Doʻxtirlar, ayniqsa, ginekologlar shu ikki qishloqqa doir ma’lumotlarni oʻz vaqtida Tursunali polvonga berib turish haqida yozilmagan qonun mavjudligini bilishadi va unga toʻliq amal qilishadi. Sogʻliqni saqlash vaziriga yoki raykomga ma’lumotnoma berish zarurligini unutishlari mumkin, Sherbilak qishlogʻi raisiga esa erkalik qila olishmaydi. Teshaboy oqsoqol oshnasining bu fazilatiga tan berib, bir yigʻinda: «SSSR statistika boshqarmasi talabchanlikni Tursunali polvondan oʻrgansa, mamlakatning ahvoli yaxshiroq boʻlardi», degan edi. Aslida «Sovet hukumati» demoqchi edi-yu «yana Isoning baqasini koʻrgani ketgan Solimbuqoq izidan joʻnab qolmayin», deb gapning tikanini sindiribroq aytdi.

Tursunali xayolga berilib turganida Qambarali yoʻtalib qoʻydi-da, soyning nariga tomonini imlab koʻrsatdi. Yelkasiga yengil chopon tashlab, chapani yigitlar kabi doʻppisini sal qiyshaytirib kiyib olgan Teshaboy oqsoqol gʻoz yurish qilib kelib koʻprik oldida toʻxtadi. Tursunali unga bir qayrilib qaradi-yu xuddi uni koʻrmaganday Qambaralining qulogʻiga shivirladi:
-Sen bola, darrov Yigitalini, Sultonalini, Nuralini, Bahromalini, Miralini topib kel. Ekstrenniy majlis bor, degin. Ahmadali bilan Qambaralini ham top.
-Oʻzimnimi?-deb ajablandi Qambarali.
-Ha, oʻzingni. Yana anavi alkash bilan qiya qilib qolmagin. Unga nima va’da qilding, eshigingning tagiga mixlanib qoldi.
-Hech nima va’da qilganim yoʻq, Batka.
-Senlar oʻzlaringni erkakman, deb yuribsanlarmi hali. Bitta xotinni giroy qilolmasalaring... suf senlarga!
-Batka, meni bu hisobga qoʻshmang. Men toʻrt yildan keyin xotindi giroy qilaman, dedimmi, tamom! Xotinim toʻqsoninchi yilda giroy boʻladi. Buni tochna bilaman.
-Toʻrt yil, dedingmi?-Tursunali picha oʻylanib bosh chayqadi: toʻrt yil koʻp, uch yilda boʻlishi kerak.
-Uch yilning sirayam iloji yoʻq, Batka. Toʻqqiz oylik hisobdan kelib chiqsak... bu yoqda chilla degan gaplar bor.
-Bu yoqdagilar,- Tursunali polvon Sherqoʻzi qishlogʻi tomonni imladi,-sening chillangga qarab oʻtirishadimi? Ana, «Kalamush»ning xotini sakkiz oyu oʻn kunda tugʻibdi. Boʻlarkan-ku? Tamom, qishloqning ukazini yozasan: toʻqqiz oyda tugʻish yetti oyga qisqartirilsin!

Qambarali «Batka chin aytyaptimi yo hazillashyaptimi?» degan xayolda unga qaradi. Batkasining jiddiy boqib turganini koʻrib, e’tiroz bildirishga jur’at etdi:
-Batka, bunisi xotinlarning sogʻligʻiga toʻgʻri kelmaydi,- e’tirozi batkasining gʻazabini uygʻotib yubormasligi uchun qoʻshib qoʻydi:- Qishlogʻimizni yana «chalaqishloq» deb yurishmasin.
-Senam raykomning gapini aytyapsan-a, toshbaqaning bolasi! Bilib qoʻy, xotinlarning joni qattiq boʻladi.
-Bolalar chala tugʻilishsa, nimjon boʻlib qolisharmikin, deyman-da?
-Bekor aytibsan! Mana, mening necha oyda tugʻilganimni bilasanmi?
-Bilmayman, Batka, men u paytlarda yoʻgʻidim shekilli?
-Gapingni qara-ya! Men tugʻilganimda otang ham bobongning belida yurgan edi.
-Menam shunaqa demoqchiman-da, Batka.
-Bilmasang –bilib ol: men onamning qornida toʻqqiz oy lallayib yotmaganman. Olti oydayoq tushib kelganman. Meni telpakda katta qilishgan. Boshqalardan kam joyim bormi? Saksonga kirib hali bir marta doʻxtirga bormadim. Meni hatto fashistning oʻqi ham ololmadi. «Nimjon, nimjon» deysan-a! Joʻna, menga aql oʻrgatmay, buyurilgan ishni bajar. Toʻxta, bilib qoʻy, ukaz sekretniy boʻlsin. Ayniqsa, anavilar,-boshini burmay, koʻz qarashi bilan qoʻshni qishloq tomonga ishora qildi,-bilishmasin.
-Bilsa nima?-dedi Qambarali soddalik qilib.
-E, galvars! Galavangni ishlatsang-chi! Sakkiz oyda uchta tugʻdirgan olti oyda tugʻdirolmaydi, deb oʻylaysanmi? Bu yangi fikr biznikimi, demak, faqat oʻzimizga xizmat qilishi kerak. Qoʻlimdan kelganida bularning xotinlariga tuya goʻshti yedirib, oʻn bir oyda tugʻadigan qilib qoʻyardim.

Qambarali «qoʻlingizdan kelmagani ham durust, ularni Xudo bir asrabdi», demoqchi boʻldi-yu batkasining vajohatidan choʻchib tilini tishladi-da, vazifani bajarishga oshiqdi.Hamon eshigi yaqinida umidvor koʻz tikib oʻtirgan Sobitaliga «Shu yerdan jilma», degan ma’noda ishora qildi-yu, toʻxtamay oʻtib ketaverdi. Bechoragina Sobitalining oʻtirgan yerida pichirlab qolishdan oʻzga chorasi yoʻq edi. Bilmagan odam uni duo qilyapti, deb oʻylashi ham mumkin. Biroq, Sobitali duo nimaligini bilmagani sababli shu yoshga kirgunicha oʻrgangan barcha soʻkishlarini bir boshdan eslab, tiliga chiqarib, «savobi»ning yarmini yumush buyurgan Tursunali polvonga, yarmini esa bu yumushni bajarishga oshiqqan Qambaraliga atab qoʻya qoldi.

3333-Toʻqnashuv

Qambarali nari ketgach, Tursunali orqasiga oʻgirilib, Teshaboy oqsoqolga qaradi. Uni endi koʻrayotganday boshdan-oyoq razm soldi-yu salom ham bermasdan indamay turaverdi. Kayfiyatlari yaxshi paytda uchrashishganda biri ikkinchisidan oldinroq salom berishga oshiqishardi. Fe’llari sal aynibroq turgan mahalda esa izzattalab boʻlib qolishardi. Ikkovining tugʻilgan kuni aniq emas, shunga qaramay Teshaboy oqsoqol oʻzini undan uch oylik katta deb hisoblab, oldin salom berishini talab qilardi. Hozir ham oʻsha talab boʻyicha oshnasiga bir oz tikilib turdi-da, soʻng salom-aliksiz gap boshladi:
-Ha, Tursunaliboy qalaysan? Sal tajangroqmisan, a? Siqilma, oshna. Atrofingga bir qara: tabiat chax-chax urib uygʻonyapti. «Ey Odam farzandi, bagʻrimda yayrab-yashna!» deyapti.

Bu gapni eshitgan Tursunali polvonning ensasi qotdi. Oshkora ravishda yuzini teskari burdi-da, piching qildi:
-Qara-ya, shunaqa deyaptimi? Sen yaqin orada doʻxtur-puxturga oʻzingni koʻrsatmadingmi?
-Xudoga shukur, soppa-sogʻman,-dedi Teshaboy oqsoqol quvnoq kayfiyatda.-Saksonga kirib, biron marta doʻxtur yuzini koʻrmaganman.
-Shunaqami?-Tursunali unga oʻgirilib, qoshini chimirdi.-Doʻxtur yuzini koʻrmaganmilar? Men ammamning buzogʻini yelkamda koʻtarib, gospitalga olib borgan ekanman-da, a?
-U boshqa narsa. Urushda yaralanish boshqa, aksirib qoʻyib, yalpayib yotish boshqa.
-Boshqami-boshqamasmi, sen bir doʻxturga uchrashib qoʻygin oshna. Tabiat chax-chax urib kulib uygʻonayotgan paytda bir xil odamlarning es-xushi oʻtmaslashib qolarkan.

Teshaboy oqsoqol oʻzi tomon otilayotgan piching toshlaridan birini ilib olib, raqibi tomon uloqtirdi:
-Gapingda jon bor, oshna, bir xil odamlarni quloqdan olar ekan.

Oʻziga qaytgan piching toshi Tursunali polvonga malol kelib, dangaliga oʻtdi:
-Nima demoqchisan?
-Eshitmayapsanmi?
-Nimani?
-Nogʻora bazmni.

Tursunali polvon qaddini sal bukdi-da, kaftini qulogʻiga tutib, atrofdagi tovushlarni eshitishga uringanday tek turdi. Keyin qaddini rostlab:
-Ha... kimdir togʻora qoqyaptimi?-dedi.-Ha-ya, qishloqning nomi «qoʻzi»-yu raisining laqabi «baqa» boʻlganidan keyin har hil ovozlar chiqaveradi-da. Biz bunaqasiga koʻnikib ketganmiz. Togʻora senlarniki, teshilgunicha chalaverlaring.
-Sen oʻzingni goʻllikka solma, bola. Qambar laychangning is olib ketganini bilmaydi, deb oʻylayapsanmi? Asling xoʻkiz-u, lekin yuzta tulkiga dars beraman, deb chiranasan. Endi tan olaver: giroylar masalasida tenglashdik. Ucheniy masalasida oldindamiz. Endi qayoqqa borib dodlasang, dodlayver.

Teshaboy oqsoqol nozik yerdan ushladi. Buni harbiylar tilida «urush e’lon qilmasdan jang boshlash», deydilar. Lekin Tursunali polvon bu zarbadan gangiydigan anoyilardan emas. Uning jang aslahalari hamisha tayyor turadi. Jang boshlash uchun harbiylar zambaraklarini shaylaydilar, Tursunali polvonning zambaragi ham, tankasi ham, raketasi ham bir - pichinglar bilan oʻqlangan til! Teshaboy oqsoqolning gerdayib aytgan gapidan soʻng aslahalarning barchasi buyruq kutmayoq jangga kirishib ketdi. Bunday toʻqnashuv qishloq ahli uchun ham, oʻzlari uchun ham yangilik emas. Birov bu olishular sonini hisoblab chiqmagan. Lekin ehtimollik nazariyasiga binoan sanalsa, bugungisini 3333-toʻqnashuv deb belgilash mumkin. Gap sonda emas, balki barcha toʻqnashuvlarning bir hilda boshlanib, bir hil mazmunda davom etib, bir hilda natijasiz yakun topishida. Bu olishuvni ular oʻzlaricha «jang» deb xayol qiladilar, aslida esa gaplarini yodlab olib valaqlaydigan askiyachilarning qiliqlaridan koʻpam farq qilmaydi.
-Oʻ, ogʻaynijon, baqaqurildoqda baqa qurillab qolibdimi, a? Sal tormozni bosing, yana damingiz chiqib ketmasin...-Tursunali shunday deb vajohatini namoyish qilish uchun koʻprik tomon bir qadam bosdi. Uning rejasi boʻyicha oshnasi «bu yoqqa oʻtib urib qoladi shekilli?» deb choʻchib tisarilishi kerak edi. 3332 marta doʻq urib, koʻprikdan oʻta olmagan odamning endi jur’at qilishi nisbiyat nazariyasiga toʻgʻri kelmas edi. Oshnasi joyidan jilmagach, uzoqdan turib oʻqqa tutishni ma’qul koʻra qoldi:- Ey, menga qaragin sen, gapirganingda oʻylab gapirasanmi, qanaqasiga oldindasan?
-Choʻmichboyning oʻgʻli dissertatsiyasini yozib boʻlibdi.
-E hali shunaqami? Yozib boʻlibdilarmi? Oshnajon, Qargʻaqishloqdagi Qumri jinni ham oʻnta dissertatsiyani yozib qoʻyganmish. Uning ham asli senlarda, a? Choʻmichvoyingning oʻsha dardisar oʻgʻli avval dissertatsiyasini yoqlasin, qogʻozini Maskovdan olsin, ungacha-chi, sen bola behujjat gaplaring bilan mening boshimni qotirma. Sen oʻzi azaldan laqmasan. Agar men yoningda boʻlmaganimda urushda oʻlib ketarding. Hozir yotarding Polshaning bir botqogʻida chiri-ib. Fashist senga oʻxshagan laqmalarni otishni yaxshi koʻrardi.
-Sen teskari gaplaringni aytib, jigʻimga tegaverma. Bilib qoʻy: seni odam qilgan men boʻlaman. Bitta ham oʻrischa gapni bilmaydigan dovdirni kim yonida olib yurardi? Komandir «Lojis!» desa, yugurib ketadigan kim edi? Gospitaldaligimda tozza adabingni yegan ekansan-ku? Oʻzing aytuvding, esingdan chiqdimi?
-Voh, shu gapni dastmoya qilib yuribsanmi? Koʻnglingni koʻtarish uchun aytganman. Urush masalasida menga osilma, bola. Sen prostoy sollat* boʻlib yurding. Men kapral* edim, a? Sendan bitta medal koʻproq olganman.
-Oʻsha medaling halolmas, sotib olgansan.
-Vey, rostdanam esing ogʻib qolibdi, bola!
-Oldinlari indamas edim, endi aytayinmi? Oʻsha nemis asirlarini sen tutmagan eding. Volodka tutib kelayotganida besh quti «Belomor» popirosiga sotib olgansan. Agar gʻing desang, raykomga ham aytaman, voenkomga ham aytaman. Sharmandangni chiqaraman.
-Endi bunaqa gap chiqardingmi? Men besh dona popirosga «shnaps» sotib olganman. Kuydirgingga oʻzing ham ichuvding-ku?

Ha, ichgan edi. Nemisning arogʻini birinchi marta oʻshanda tatib koʻrgandi. Mazasi hali ham ogʻzida turibdi, deyish lof boʻlar-ku, lekin ikkinchi shishasini boʻshatishgach, oshnasini quchoqlab, oʻpib, «rahmat» degani yodida. Biroq hozir buni tan olmogʻi olishuvning magʻlubiyatidan darak edikim, hayot chax-chax urib kulib turgan onda Tursunboy oqsoqol uchun bu ortiqcha mashmasha edi.

«Shnaps» masalasi oʻrtaga qoʻyilganda qishloqning kunchiqar tomonida kolxoz raisi koʻrindi. Uning yonidagi tepakal, koʻzoynakli odam Sobitali darajasida boʻlmasa ham garangroq ahvolda edi. Sobitali ularni koʻrdi-yu Qambaralini bu yerda, bu ahvolda kutishdan ma’no yoʻqligini anglab, izzati borida sekingina orqaga qaytib, uyiga kirib keta qoldi. Ikki cholning ikki dakang xoʻrozday turishini koʻrgan rais esa nima gapligini bilish uchun ularga halal bermay, beriroqda toʻxtadi. Ularni sezmagan Tursunali polvon jimib qolgan oshnasini butunlay pachoq qilib tashlash maqsadida hujumini davom ettirdi:
-Shuni bilib qoʻy, baqa! Tursunali polvonning sharmandasini chiqaradigan odamning hali katta dadasi ham tugʻilgani yoʻq, ha!
-Sen yaxshilikni bilmaydigan mol ekansan. Kim senga «xoʻkiz» deb laqab qoʻygan boʻlsa, adashibdi. Eshitdingmi, rayondagi hamma xoʻkizlar yigʻilib, raykombuvaga arz qilganmish. Kelib-kelib bizlarni shu nodonga tenglashtirasizlarmi, deyishganmish.
-Hali biz nodon ham boʻldikmi? Qani, hov baqavoy, zoʻr boʻlsang qurillamay buyoqqa oʻt-chi!
-Sen xoʻkiz, mahallangda turib olib, oʻkiraverma! Kekirdaging uzilib tushmasin tagʻin!
-Vey, oyogʻimning ostida qurillayvermagin, sen, behos bosib olsam, pachoqlanib oʻlasan-a! Hali men mahallamda turib olib kerilibmanmi? Bilib qoʻy: men sen soʻtak bilan har qanaqa joyda gaplashaman. Oʻn ikkita bola tugʻdirib qoʻygan erkakman men. Men xoʻkiz emas, buqaman! Beshta boladan keyin ispisat* qilingan erkakmasman!
— Ogʻzingga qarab gapir! Doʻxtir xotinimga «Endi tugʻsang - oʻlasan», degan.
— Bu gapni million marta eshitganman. Xotining...

Xuddi shu gapni poylab turganday muyulishdan Teshaboyning xotini Risolat chiqib kelsami! «Xotining bip-binoyi yuribdi, oʻzing lattasan!» demoqchi boʻlgan Tursunali polvon gapini yamlab yuta qoldi. Risolat esa kulimsiraganicha erining yoniga turdi-da, u bilan quyuq soʻrashdi:
-Assalomu alaykum, mulla aka, damlikkina yuribsizmi? Bolalar, nevaralar, ovsinlarim ham yurishibdimi?
— Qaysi ovsinlarni soʻrayapsiz? Ikkovi ham koʻkarib chiqqan-ku?
— Ha-ya, esginam qursin, tilim oʻrganib qolganda, soʻrayveraman.
— Oʻzingiz yaxshimisiz, kelin, oshnam qalay, kechasi alaxsirab, sizni qoʻrqitmayaptimi?
— Voy, nega alaxsiraydilar, ana, tuppa-tuzuklar, Xudoga shukur.

-Kuppa-kunduzi alaxsirayapti-da, shunga xayron boʻlib soʻraganim. Siz bu bolani hadeb quchoqlab yotavermay, doʻxtur-puxturga ham koʻrsatib turing. Oshnamni qariganida «puf sassiqqa» chiqarib qoʻymang. Sizga kerak boʻlmasa, bizga kerak. Qarash qoʻlingizdan kelmasa, javobini bering. «Teshaboy akajon!» deb koʻkragini zaxga berib oh-vohlab yotgan bevalar bor. Fashistni oʻqidan saqlab kelib, sizga ijaraga topshirganman-a, agar toʻqsonga yetmay oʻlib qolsa, tribunalda javobini berasiz. Bunaqa ketvorgan yigitning qadriga yetmagan xotinning joyi - turma!

Xotini kelgani uchun odob saqlab turgan Teshaboy oqsoqol boshqa toqat qila olmadi:
-E, boʻldi, oʻchir! Ja-a uzun sura qilib yubording,-dedi jerkib. Soʻng xotiniga yuzlandi,- Ha, nima deysan?
-Hamrobonu qaymoq olib kelibdilar. Uni ham samovorxonaga chiqarvoraylikmi?

Hamrobonuning nomini eshitgach, «Buqaman!» deb kerilayotgan Tursunali polvon momiq yungli quyonga aylandi-qoldi. Teshaboy oqsoqolning ziyrak nigohi buni sezdi. Atay ovozini koʻtarib soʻradi:
-Kim deding?
-Hamrobonuni aytaman, qaymoq olib kelibdilar, baraka topgur.

Teshaboy oqsoqol koʻzini oshnasidan uzmagan holda yana qayta soʻradi:
— Qaysi Hamrobonu?

-Voy, dadasi, qishloqda Hamrobonu nechta ekan? Oʻzingizning singlingiz-da.

-E, oʻzimning singlimmi? Men Janjalqishloqlik Hamrobonumikin, debman. Kelgani yaxshi boʻlibdi. Omma fahm-farosatdan berganda singlimga. Xudo beraman, desa husnni ham beradi, farosatni ham botmon-botmon beradi. Qaymoqni ham, somsani ham, uzumni, issiq nonlarni ham samovorxonaga chiqar. Bugun qishlogʻimizda toʻy hisob.

Eridan topshiriq olgan Risolat iziga qaytdi.Teshaboy oqsoqol esa koʻprik tomon bir qadam bosib, gʻolib odamning tantanavor ovozi bilan dedi:
-Ha, oshna, daming ichingga tushib ketdimi? Shoxing ham koʻrinmay qoldi-ku?-Tursunali polvon olishuv yakunlanganiga ishora qilib qoʻl siltadi-da, orqasiga oʻgirildi. Teshaboy oqsoqol esa gʻoliblik nishonini qoʻlga kiritganday quvonib, uni toʻxtatmoqchi boʻldi:- Ha, hov oʻgʻil bola, qayoqqa?
-Sen bilan valaqlashishga vaqtim yoʻq. Ekstrenniy majlis chaqirtirganman. Tayyorlanishim kerak.
-Ha, tushunarli, erkaklaringni mobilizatsiya* qilmoqchimisan?
-Sen erkaklarning ishiga aralashaverma.
-Ovora boʻlma, hov erkak! Juda-a zoʻriqavermagin, bizga yetaman, deb yana bellaring chiqib ketmasin.

Shu payt boyagi muyulishda avval Risolat soʻng Hamrobonu koʻrindilar. Shu muyulish bundan oltmish-oltmish besh yil muqaddam ham bor edi. Oltmish-oltmish besh yil muqaddam ham Tursunali polvon shu yerda umidvor koʻzlarini shu tomon tikib turardi. Yoʻq, aynan shu yerda emas, oʻn ikki qadam yuqoriroqda edi. U damda katta tut daraxti boʻlardi. Moʻylabi endigina sabza ura boshlagan Tursunali shu daraxt panasida turib, muyulishga tikilardi. Hamrobonu koʻrinsa, yuragi temirchining bosqoniday urib-urib ketardi. Tanasidan jon chiqib ketganday boʻlaverardi. Hamrobonu boshqaga tegdi. Tursunali ham boshqaga uylandi. Orada urushga ketdi. Fashistning oʻqidan qoʻrqmagan odam Hamrobonuni koʻrganda titrashini baribir bas qila olmadi. Ayollarning yoshi ulgʻaysa, boshqalarning koʻziga qari boʻlib koʻrinadilar. Birinchi muhabbat qurbonlari uchun esa ular oʻn sakkiz yoshliklaricha qoladilar. Ayollarning yuzlari shaftoli qoqi boʻlib ketganini boshqalar koʻradilar, birinchi muhabbat qurbonlari esa chiroyni yanada ochuvchi ajinga mahliyo boʻlaveradilar. Ovozlari-chi? Ovozlari qoʻngʻiroqdayligicha qolaveradi.

Shu qoʻngʻiroqday ovozi bilan salom berdi. Shiringina kulib ham qoʻydi. Oltmish-oltmish besh yildan beri bu jilmayish Tursunali polvonning jonini olishga qasd qiladi, ammo ololmaydi. Qalbini ombur orasiga olib bir burab azob beradi-yu, shu azob toʻriga tashlab ketaveradi. Hozir ham shunday boʻldi. Yuragi shu azob toʻrida tipirchilayotganida Teshaboy oqsoqol gapirib qoldi:
-Oʻt, deb dagʻdagʻa qilyatuvding, oʻtayinmi?

Bu yoqimsiz ovoz egasi doʻsti boʻlmaganida, aniqrogʻi, Hamrobonuning akasi boʻlmaganida soyning betiga sakrab oʻtib, tepkilab tashlamaganida ham, bir-ikki shapaloq urib xumordan chiqardi. Buning iloji yoʻqligi bir alam boʻlsa, tiliga tuzukroq gap kelmay qolishi yana bir alam edi.
-Vey... sen... bor... oʻsha samovorxonangga...
-Boramanam-da, toʻy toʻydek boʻlsin-da,- shunday deb singlisi ketgan tomonga ma’noli qarab qoʻygach gapini davom ettirdi:-Singlimga besh ketaman-da. Yetmishdan endi oshdi-ku, omma husni tariqcha xira tortmadi. Farosatga-ku, gap yoʻq...
-Boʻldi-e, nima, singlingni bozorga solib, sotmoqchimisan?
-Ha, senga nimaga alam qilyapti? Singlimni bermaganimga haliyam iching kuyadi-da, a? Xudoyimga shukr-ki, oʻshanda meni adashtirmadi. Singlimni senga berganimda ikkita xotiningga qoʻshib uni ham oʻldirvorarding. Xoʻkizga xotin chidarmidi?
-Singlingni menga bermaganing sening emas, mening baxtimdan, ha! Singlingga uylanganimda oʻsha kuyovingga oʻxshab meniyam oʻldirtirvorardilaring. Oʻn ikkita bolam belimda ketvorardi. Aslida-chi, singlingning oʻzi menga xushtor edi. Koʻngli qolmasin, deb yoʻliga sovchi yuborib qoʻyudim. «Yoʻq» deganlaringdan keyin suyunchisiga qoʻy soʻyib, xudoyi qilganman. Asli kuyovingning peshonasi shoʻr ekan, oʻsha bechoraga nasib qildi.
-Sen gapni boshqa yoqqa burma. Kuyovim traktorda avariy boʻlib oʻldi.
-E, bu bir bahonai sabab. Senlarning sassiq gaplaringga temir ham chidamaydi. Bola bechora ham chidolmay, oʻzini traktorning tagiga tashlab, senlardan qutula qolgan. Hozir yurgandir mazza qilib huru gʻilmonlarning quchogʻida.
-Sen tuhmat qilma, singlimga yetisholmaganingdan alamdasan!
-Ol-a, oʻsha olma qoqi singlingni pishiribla ye! Sening singling mening xotinlarimning oldida naq qurbaqaning oʻzi edi.
-Kim qurbaqa?
-Aka qurbaqa boʻlganidan keyin singil ham qurbaqa-da!

-Shunaqami?

-Shunaqa!

Teshaboy oqsoqol oʻzini «baqa» tugul «itbaliq» desa ham parvoyiga keltirmasdi. Ammo gap singlisining sha’niga borib taqalgani uchun chidab turolmadi. Soydan sakrab oʻtdi-yu oshnasining yoqasidan oldi. Dahanaki jangning bunday oqibatini kutmagan rais ularni ajratishga shoshildi. Boshi garang lektor esa joyida qotib turaverdi.

Murosa Koʻprigi

-- -Hoy-hoy, togʻajonlar, yana nima boʻldi sizlarga?-dedi rais Tursunali polvonni Teshaboyning changalidan boʻshatib.

-Manavi baqani koʻrmaysanmi. Sakrab oʻtib vaqillaydi-ya!-dedi Tursunali polvon oshnasini turtib.
-Avval kim boshladi? Ichi qora bu bolaning, bizlarni koʻrolmaydi. Bugun giroy xotinlar boʻyicha bularga yetib oldik. Shunga alam qilyapti. Alam qilsa, dumingni tishla, hov xoʻkiz!
-Yana shu gaplarmi? Anavinda nima devdim? Agar shunaqa talashaversalaring, ikkala qishloqni qoʻshvoraman, deganmidim? Ana endi shu ishni qilaman. Shu yiliyoq koʻchasizlar.

Avval ham rais shunday degandi, toʻgʻri. Lekin bu safargi ohangida poʻpisa emas, qat’iylik sezilib, ikkala oshna hushyor tortdi-da, baravariga soʻradi:
-Nima deding?
-Adirda bitta qishloqqa birlashib, uy-joy qilasizlar.
-Hazillashyapsanmi?-dedi Tursunali.
-Obkomning qarori chiqqan. Bunaqa ishda hazil boʻlmaydi. Bu yerga zavod quriladi.
-Qanaqa zavod?-dedi Teshavoy.
-Zavodga oʻxshagan zavod-da. Sizga baribir emasmi? Maskov shu joyga qurishni lozim topibdi. Ularga rahmat deb qoʻyishimiz kerak.
-Rahmat aytishga shoshmayroq tur, bola,-dedi Tursunali polvon zarda bilan.- Oʻsha zavodni adirga qursa boʻlmas ekanmi?
-Boʻlmas ekan. Loyiha Maskovda tasdiqlangan,-dedi rais oʻjarlik bilan.
-Maskovingni ham bilmayman, loyiha-poyihangni ham bilmayman. Zavod kerak boʻlsa, ana, adirga qurdiraver. Agar shu qishloqni buzdirsang, mening oʻzim shu zavodingni portlatib, kulini koʻklarga sovuraman. Sen «Polvon togʻam aravani quruq olib qochyapti», dema. Gitlerga kuchim yetganmi, zavodingga ham yetadi. Agar zavoding bitgunicha oʻlib qolsam, goʻrdan chiqib kelib boʻlsa ham portlataman.

Shunday deb ketmoqchi boʻlib bir qadam bosdi-da, soʻng toʻxtab, Teshaboy oqsoqolga qarab gapini davom ettirdi:
-Agar shu yerga qurish shart boʻlsa, ana u tomonga qurdiraver.
-Nega endi biz tomonga qurdirar ekan?-dedi Teshaboy boʻgʻilib.- Ana, sening qishloqchang shunaqa zavodga juda mos.
-Hoy, baqa!
-Ha, xoʻkiz!
-Bas qilinglar. Bu masalani idorada gaplashamiz. Bugun mehmon bor. Qani, lektor aka, beri keling, geroy togʻalarimiz bilan tanishib qoʻying: Tursunali togʻam Sherbilak qishlogʻining oqsoqoli. Teshaboy togʻam Sherqoʻzi qishlogʻining oqsoqoli. «Qahramon ona»lar boʻyicha oʻzaro sotsialistik musobaqa oʻynashgan. Bugun bu sohada ikkovlari tenglashishibdi. Oʻroqboyning xotini uchta tuqqanmishmi?
-Ha-da, Xudo beraman desa qoʻshqoʻllab beradi-da!-dedi Teshaboy oqsoqol xuddi oʻzi tugʻib qoyillatib qoʻyganday gerdayib.
-Bu hom gap, hovliqma oshna. Hali oʻzim roddomga* borib ekspertiz* qildirib kelaman.
-Nimani ekspertiz qildirasan. Voy nodon-ey, ishonmayapsanmi?
-Ishonmayman. Qishlogʻingda uchta tugʻadigan xotin yoʻq.
-Sen qaerdan bilasan?
-Erkaklaringgga bir qaragin: qattiqroq aksirvorsam, yiqilib tushyapti-ku? Uchta tugʻadigan xotinning eri kamida menday boʻlishi kerak. Senlar apiristsanlar*. Bitta tuqqan boʻlsa ikkitasini qoʻshib yozdirgansanlar.
-Rais oʻgʻlim, gaplarini eshitding-a? Endi oʻzing bosh boʻlib, rostanam ekspertiz qildirasan. Buning ovozini oʻchirmasa boʻlmaydi.
-Xoʻp-xoʻp, togʻajonlar, hech boʻlmasa mehmonning oldida oʻzlaringni tutinglar. Mehmon Toshkandan kelganlar axir.
-Ie, shunaqami? Keling,keling, mehmon. Eson-omon yuribdilarmi? –Tursunali polvon shunday deb mehmon tomon quchoq ochib bordi-da, qoʻshqoʻllab soʻrashdi.- Bugun dasturxonimizning toʻri sizniki. Mehmonga jonini bervoradigan tantilar shu sherbilaklilar boʻlishadi!
-Mehmon bugun biznikilar. Bizda toʻy bugun,-dedi Teshaboy oqsoqol boʻsh kelmay.
-Toʻying oʻzingga siylov. Mehmon oʻz oyoqlari bilan bizning qishloqqa kirib keldilar. Hozir poyqadamlariga qoʻy soʻyamiz. Qambarali, hov Qambarali...
-Biratoʻla xoʻkiz soʻyaqolmaysanmi?
-Senga oʻxshab baqa soʻymasman. Frantsiyaliklar baqa yeyishar ekan-a? Rais, Frantsiyadan toʻrtta mehmon ayttirgin, kelib, bularning urugʻini quritib ketsin.
-Endi gap bunday: mehmon kecha «Sotsializm»da xizmatda boʻlib, picha toliqqanlari uchun raykom rejalarini oʻzgartiribdi. «Kommunizm»ga bormay, bugun oqshomgacha bizda mehmonlar. Lektsiyalarini oʻqiganlaridan keyin qoʻshni rayonga oʻtishlari kerak.
-Ie, dakalatchimilar* hali?
-Ha, markazqoʻmning lektori oʻrtoq Kesganboev.
-Nimalarni oʻqib berasiz, dakalatchi mehmon?-deb soʻradi Tursunali polvon gʻashlik bilan.

Bu savol lektorning lanj tanasiga quvvat berganday boʻldi. Chunki u ma’ruza qilishi lozim boʻlgan mavzusi haqida gapirishni juda-juda yaxshi koʻrardi. Buning uchun unga maxsus minbar boʻlishi shart emas. Choyxonada oshnalari huzuridami yo boshqa joydami baribir gapni boshlab yuboraveradi. Hatto qaynotasi oldida ham tugʻishni rejalashtirish haqida toʻrt marta ma’ruza qilib edi. Toʻrt martasida qaynotasi chidadi, ammo beshinchisida achchiqlanib, urishib berdi. Lektorga bu malol kelmadi, boshlanib yakunlanmagan ma’ruzasini kechqurun uyida xotiniga oʻqib berdi.
-Bola tugʻilishini rejalashtirish va koʻp tugʻishning oldini olish,- deb javob qildi lektor, keyin alohida faxr bilan qoʻshib qoʻydi:- Men bu masalada Moskvadagi maxsus seminarda ishtirok etib kelganman.
-Nima, qaytaring-chi?-dedi Tursunboy oqsoqol.
-Bu mavzu Toshkanda tasdiqlangan. Hamma yerda oʻqilishi shart,-dedi rais soʻng keskinroq ohangda qoʻshib qoʻydi:- gʻidi-bidi qilib yurmanglar.

-Oʻqilishi va aytilgan masalalarga rioya qilinishi zarurdir,-deb ta’kidladi lektor.

-Rais, meni kalaka qilyapsanmi?-dedi Tursunali polvon.

-Bu hazilakam masala emas!-dedi rais yanada jiddiyroq ohangda.

-Shunaqami? Unda dakalatingni mana buning qishlogʻida oʻqi. Xotinlari uchtadan bolalab yotishibdi. Eri aksirvorsa ham boshi qorongʻu boʻlib qoladi xotinlarining. Ha, aytmoqchi, bugun ularda toʻy. Toʻyga juda yarashadi-da bunaqa dakalat. Hov oshnam, bunaqa mehmon tuya soʻyib chorlasang ham kelavermaydi. Xudo yetkazdi uni senlarga.

-Rais, mehmon dakalatini shu qishloqda qilaversin,-deb e’tiroz bildirdi Teshaboy oqsoqol.- Dakalatchi bolam, bu togʻangizning nechta bolasi bor, bilasizmi? Oʻn ikkita! Xotinlari tugʻishdan charchab, oʻlib qutilishgan bundan. Bu tanisa, beshta bolasini taniydi, qolganini tanimaydi. Hovlisidagi qizlariga qarab «Sen kimning bolasisan?» degan. Oʻzim guvohman.

-Laqillama. Bu bir kayfda boʻlgan. Shuni gap deb gadoyning toʻrvasiga oʻxshab, ming yil koʻtarib yuribsanmi? Dakalat sening qishlogʻingda boʻladi, boshqa gap yoʻq.

Rais qarasa-ki, mojaro choʻziladigan. Shu bois gapni shart kesdi:
-Bunday qilamiz, sizlar odamlarni toʻplaysizlar. Yosh oilalar koʻproq boʻlsin. Keksalarni ovora qilmasalaring ham mayli. Lektor ana, oʻrtada, koʻprikning ustida turib ma’ruza qiladilar.
-Bizning qishloqda ekstrenniy majlis bor. Bugun odamlar band.
-Bizda toʻy...-Teshaboy oqsoqol shunday deb soʻz boshladi-da, keyin raisning qulogʻiga shivirladi:- Rais oʻgʻlim, dakalat qildi, deb qogʻoz yozib beraqolmaysanmi?-Bu taklifni aytdi-yu, javob kutmay lektorga yuzlandi:- Oʻgʻlim, biz tomonlarga bir kelib qolibsiz. Sizni xizmatga qoʻyish biz uchun uyat. «Sotsializm»da sillangiz quribdi, bugun mehmonimiz boʻlib bi-ir yayrang. Toʻyimizning toʻri sizniki. Dakalatingizni oʻzimga sekin aytarsiz. Biz yoshlarni chaqirib, nasihat qilib qoʻyamiz. Bu yogʻini shoshilmay, reja bilan sekin olib boraverishadi.
-Yoʻq, oʻrtoq oqsoqol,-dedi lektor unga boshdan-oyoq razm solib.- Siz masalaning siyosiy tomonini tushunmayapsiz. Biz partiya siyosatini har bir ommaning oʻziga shaxsan yetkazishimiz kerak. Bu ishda koʻzboʻyamachilik ketmaydi. Bu masalaning qanday bajarilishini Moskvadan oʻrtoqlar kelib tekshirishlari mumkin. Oʻrtoq rais, siz ham buning ahamiyatini sezmayapsizmi? Men sizda siyosiy koʻrlikni seza boshlayapman.

Bu gapdan raisning ensasi qotsa-da, sir boy bermadi:
-Oʻrtoq Keskanboev, otaxonlarning gaplariga e’tibor bermang. Belgilangan paytda odam toʻplanadi. Lektsiyangizni oʻqiysiz, boshqa gap yoʻq.
-Ha, shunaqa boʻlsin, auditoriyani tezroq tayyorlang. Menga qishloq aholisining soni va majlisga kelganlar soni haqida alohida spravka berasiz. Majlis ishtirokchilarining roʻyxatini olishni unutmang Ha, bu masalada pripiska* qila koʻrmang.

Rais bu poʻpisani eshitmaganday lektorni qoʻltigʻidan olib, iziga qayta boshladi. Ikki oqsoqol bir-biriga savol nazari bilan qaragancha bir oz turdi. Keyin ilojsiz ekanliklarini tan olib, Teshaboy oqsoqol koʻprik tomon, Tursunali polvon esa uyiga qarab yurdi. Tursunali uch qadam qoʻygach, raisni chaqirib, toʻxtatdi:
-Rais, toʻxta, akasi aylansin. Beriroq kel. Dakalatchi mehmon, siz sekin boravering. Raisning qulogʻiga aytadigan ikki ogʻiz soʻzim bor.

Teshaboy oqsoqol ham toʻxtagan edi Tursunali polvon uni ham yoʻliga toʻgʻrilab yubora qoldi:
-Siz ham boravering, oshnam. Toʻyingiz sizsiz huvillab qolmasin,-Rais yaqinlashgach,unga tik qaradi:-Rais bola, sening otang naq oʻgʻil bola edi. Bittagina gapirdimi, tamom, boshqa nari-beri boʻlmasdi. Omma sen ota oʻgʻil boʻlmading. Va’dani berib qoʻyib, keyin orqaga qarab...a?
-Tursunali togʻa, bunaqangi nomardlik boʻlmadi shekilli?-dedi rais yelka qisib.
-Shekilli? Sening kindigingni kim kesgan bilasanmi?
-Bilaman, sizning birinchi xotiningiz.
-Ha, bilasan. Oʻshanda ota oʻgʻil boʻlarsan, deb yanglishgan ekanman. Bunaqa boʻlishingni bilganimda oʻshanda moyagingni oʻzim kesib tashlardim.

-Obbo... Togʻa, ba’zan juda oshirib yuborasiz-da. Ayting, gunohim boʻlsa.

-Yelkangda bir togʻ koʻtarolmaydigan gunoh bor, bola. Qani, esla-chi, kimlarni dalaga haydab olib chiqib ishlatmayman, degan eding?

-Ha, umi...-rais aybini boʻyniga olgan boladay izza chekib yerga qaradi,- Endi... vaziyat ba’zan oʻzgaradi-da.

Rais-ku, aybiga iqror boʻluvchi oʻquvchi bola xilidan edi, ammo Tursunali polvon gunohni kechiruvchi mehribon oʻqituvchi toifasidan emasdi.
-Yoʻq, sen ayt, kimlar chiqmasligi kerak? Javob ber savolimga!-dedi u jazo tayin ekanidan xabar beruvchi tahdid ovozi bilan.
-Uff... xoʻp... homilador ayollar, emizikli juvonlar...
-Yana?
-Yanami? Kelinchaklar.
-Xoʻsh?
-Aytyapman-ku, vaziyat...
-Vaziyat-paziyatingni bilmayman. Agar qoʻlingdan kelmasa, belbogʻingni yech-u ishingni yigʻishtir. Belbogʻsiz yurish yarashadi senga. Otangning laqabi «buqa» edi. Laqab tomonidan yaqinligimiz bor, a? Omma senga bu laqab hayf. Bundan buyogʻiga sen gʻunajin boʻlasan.
-Togʻa, haqorat qilmang, har narsaning chegarasi bor.
-Haqorat deydi-ya! Bunaqa gaplar oz senga. Izaura degan kinoni koʻryapsanmi? Kecha xoʻjayini choʻri qizga nima deb doʻq urdi, eshitdingmi? Agar menga tegmasang, dalaga chiqaraman, paxta terasan, dedi. Tushundingmi shunga? Meksika degan tomonlarda hatto qul xotinlar ham dalada ishlamas ekan. Choʻrining dalada ishlashi bir jazo ekan. Sen-chi?

Kinoni pesh qilasiz-a! Xotinlar ishlamasa, kim ishlaydi dalada? Erkaklaringiz bozordan beri kelmasa. Xotinlaringizning yarmi ikkiqat, yarmi emizikli. Raykom otning kallasiday plan bergan boʻlsa. Planni Oysha xolam bajaradimi?
-Sen erkaklarga ta’na qilma. Tomorqaga qarab, bozor-oʻchar qilmasa, bola-chaqasi och qoladi. Sen beradigan pulga mushuk oftobga chiqmaydi. Sen oshiqcha haq toʻlama, ishlaganiga yarasha toʻgʻri bergin-chi, bularning qorni toʻysa, bozorning yuzini koʻrmaydi. Qishin-yozin dalada boʻlsa, planingni ortigʻi bilan doʻndirib bersa-yu choʻntagiga hemiri tushmay, ikki qoʻlini burniga tiqib qolaversa.
-Ayb mendami? Bunaqa masalalarni Maskov hal qiladi.
-Maskov hal qilsa, bor oʻsha Maskoviga!. Gorbacheviga kir. Qayta qurlaring, deyapti, senam qayta quraver.
-Sizga gapirish oson, togʻa...

Rais shunday deb chuqur uf tortdi. Tursunali polvon uning dardini xis etdi. Biroq, sir boy bermay, hujumni davom ettirdi:
-Shunaqami! Unda bilganingni qil. Omma men seni yana bir ogohlantirdim, bola. Agar oʻzingning bilganingdan qolmasang, chaqaloqligingda qilmagan ishimni endi qilaman. Meni bilasan-a, men Gitlerning oʻziga ham soʻzini bermagan polvon togʻang boʻlaman!

Tursunali polvonning doʻq-poʻpisaga yakun yasovchi gapi rais uchun yangilik emas.Bu gapni dastlab eshitganida oʻzicha:«Gitler zap vaqtida zaxar ichib oʻlgan ekan-da, tirikligida bu odamning qoʻliga tushib qolsa, shoʻrini quritishi aniq edi», deb qoʻygan edi. Hozir xayolidagi gapni tilga koʻchirishga shayton bir vasvasa qildi-yu, biroq rais oʻzini tutib oldi. «Xoʻp boʻladi, xoʻp», deb qulluq qildi-da keta boshladi. Tursunali polvon: «dakalatchingni bir balo qilib chalgʻitib, adashtirib kel, bu yerlarda miyani achitmasin», deb qolaverdi. U bir masalani yecholmay gangidi: bir tomondan hukumat koʻp farzand koʻrganlarni «Qahramon ona», deb koʻklarga koʻtaryapti. Yana bir tomondan mana bunaqa lektorlarni yuborib, tugʻishga qarshi targʻibot qilyapti. Bu ikki siyosatning qay biri ma’qul, tushunib yetolmadi.

Zanjirband

Rais besh-oʻn qadam qoʻymay muyulishdan chiqib kelgan Turgʻunaliga roʻpara boʻlib, toʻxtadi. Kolxozning mohir traktorchisi emas, oʻn uch bolaning otasi sifatida taniqli Turgʻunali qoʻlini qovushtirganicha salom berib, yonlab oʻtib ketmoqchi edi, rais yoʻlini toʻsdi:

-Ha, giroy yigit, yuribsanmi? Kechqurun idoraga bor-chi...

-Nimaga, rais buva?-dedi Turgʻunali hanuz qoʻl qovushtirganicha.

-Nimagaligini bilmaysanmi? Traktorning haqqini toʻlab qoʻyasan.

-Ayb menda emas, rais buva,- dedi Turgʻunali yigʻlamsirab.

-Idoraga boraver-chi, ayb kimdaligini bilib olarmiz, e sendaqa giroydan oʻrgildim.

Rais shunday deb tez-tez yurib ketdi. Qoʻl qovushtirgan Turgʻunali uning izidan moʻltillaganicha koʻz tikib qolaverdi. Tursunali uyiga kirmay unga bir oz qarab turdi-da, keyin chaqirdi.
-Ha, yigitning guli, nima gap?-dedi xuddi hech narsadan xabari yoʻqday.
-Shu raisingiz odamni qon qilib yuboradi-da,-dedi Turgʻunali alam bilan.
-Traktoringga nima boʻldi?-Tursunali Turgʻunalining hamon qoʻl qovushtirib turgani sababini bilmaganday unga e’tiborsiz gapirardi.
-Ha, umi?..-Turgʻunali gardanini qashimoqchi edi, qoʻli band ekani esiga tushib, noqulay ahvolda qimirlab oldi.- Hech nima boʻlmadi. Ertamatan ketyapsam, daraxt koʻchaning chetginasida turgan edi. Kechqurun qaytayotib qarasam, joyida yoʻq. Daraxt deganingiz yoʻlning qoq oʻrtasida turibdi, deng. Kim koʻchirib oʻtqazibdi, xayronman.
-Shunaqami? Birov koʻchirib qoʻyibdimi? U necha yillik chinor, bilasanmi oʻzing? U ekilgan zamonda otang bobongning planida ham yoʻq edi.

«Bular nima uchun gapimga ishonishmaydi-ya?» deb oʻyladi Turgʻunali oʻkinch bilan. Chindan ham u aldamayotgan edi. Chinorning yoʻl chetida ekanini bilardi. Lekin kechqurun qaytishida roʻparasida ikkita daraxt paydo boʻlib qoldi. Gʻirt mast emasdi, kallasi joyida edi. «Asli daraxt bitta, lekin negadir koʻzimga ikkita boʻlib koʻrinyapti. Qaysi biri haqiyqiysi-yu qaysi biri koʻzimga koʻrinyapti?» deb oʻyladi ham. Biroq, savoliga javob topishga ulgurmay, traktori bir nimaga qarsillab urildi. Nazarida haqiqiy chinor daraxti oʻrnidan jilib, uning yoʻliga chiqib olganday boʻldi...
-Shunga hayronman-da. Yuz yillik chinorni kim koʻchirib oʻtqazishi mumkin?-dedi u xoʻrsinib.
-Sen odammisan yo shaytonning bachchasimisan? Meni laqillatmoqchi boʻlyapsanmi? Senga ichma, ichma deb ming marta aytdimmi yo million martami?
-Million martamas-u... ammo aytgansiz.
-Xoʻp, endi seni nima qilish kerak?
-Boʻldi togʻa, bugundan boshlab bu yogʻi tormoz.
-Sening tormozlaring koʻpayib ketmadimi? Bunaqa yurishingda hayotingga ham tormoz qilib qoʻymagin?
-Yaxshi nafas qiling-e, togʻa. Shu deng, bu savil oʻzimga ham yoqmaydi. Lekin oqshomga borganda tomogʻim oʻz-oʻzidan gʻippa boʻgʻiladi. Shu savildan bir qultum yutmasam, nafas ololmay qolaman.
-Mahamat qassobning goʻsht osadigan ilgagini koʻrgansan-a? Bilib qoʻy: yana ichsang, boʻgʻilib qoluvchi tomogʻingdan oʻsha ilgakka ilinasan. Oʻsha holda oʻlasan, omma oʻlganingdan keyin ham koʻmdirmayman. Pashshalarga yem boʻlib, irib turaverasan. Boʻyningga «alkashning holi shu» deb yozdirib qoʻyaman. Shunda boshqalarga ibrat boʻlasan.
-Qoʻying togʻa, bunaqa demang. Bollarim bor, uvolimga qolasiz.
-Uvol deydi-ya!-Tursunali polvon achchiqlanib, qoʻlini koʻtardi. Turgʻunali uning bekorga qoʻl koʻtarmasligini bilgani uchun boʻynini qisib, bukilib oldi. Qoʻlini koʻtarganda Tursunali polvonda chindan ham urib yuborish niyati bor edi. Biroq uning ahvolini koʻrib, fikridan qaytdi. Koʻtarilgan qoʻl bekor qaytmasin, debmi, sekingina turtib qoʻydi. Urgandan turtgan yomon, deganday shu sekingina turtkining oʻzidan Turgʻunali yiqilib tushay dedi. Tursunali uni yelkasidan ushlab, qaddini tikladi:- Seni oʻldirgan odam savobga qolib, jannatga bepul kiradi. Shu bolalaring boʻlmaganida, allaqachonla oʻldirvorardim. Million fashistni oʻldirgan odamga bittagina sassiq alkashni oʻldirish nima ekan! Qishloqni pozorlarga qoldirding.
-Tavba qildim, polvon togʻa. Pirlarim haqqi qasam ichaman.
-E oʻchir-e, oʻzing nimasan-ki, piring nima boʻlardi. Menga qara, xotining giroy, a? Oʻn uchta bolang bor, a?
-Oʻn toʻrtta shekilli?-Turgʻunali shunday deb, «adashmadimmi?» deganday Tursunali polvonga tikildi.
-Qanaqasiga oʻn toʻrtta?- Tursunali polvon «nahot men adashdim?» deganday Turgʻunaliga qaradi.
-Qaydam, kecha xotinim diydiyosini oʻqiyotganida «oʻn toʻrtta ogʻizga qanday ovqat yetkazib beraman», deganday boʻluvdi.
-Oʻn toʻrtinchi ogʻiz oʻzingsan, ahmoq! Agar bu qovoq kallada bir gram aql boʻlsa, oʻylab koʻr-chi, birortasining toʻyini koʻrdingmi? Koʻrmading. Xoʻsh, bolalaringning toʻylarini koʻrmay, oʻlib ketaverasanmi?
-Nega oʻlarkanman?
-Kecha Xudo bir asrabdi-ku? Qani, oʻzing ayt-chi, sen galvarsni Xudo qachongacha asrashi kerak? Xudoning sen ahmoqdan boshqa tashvishi yoʻqmi? Asrab-asrab, bir kunmas bir kun «ol, nima boʻlsang - boʻl!» deb yuborsa oʻlasan-qolasan. Koʻzingni och, bola! Haligi gap - gap. Sening avariy* qilib oʻlishingni poylab oʻtirmayman. Ichdingmi, tamom - osilasan. Ichishni tashlasang, oʻzim senga naqd ming soʻm beraman.
-Shundan kelmaysizmi, nuqul «osaman, osaman» deysiz. Tashlamagan - nomard. Bering mingni.
-Hozirmi?- Tursunali polvon unga «sen jinnimisan yo menmi?» deganday qaradi-da, zaxarli kulib, boshqa gapni aytdi:- Onadan aqlli boʻlib tugʻilganmisan, yo ichovrub- ichovrub shunaqa aqlli boʻlib ketdingmi?
-Oʻzingiz aytdingiz-ku?
-Men senga ming soʻm berayinmi? Sen olgin-u Sobitali bilan qoʻshilishib, ikki alkash bir boʻlib, ikki kunga qoldirmay qurutlaring-a? Sen ahmoqning ahmoq gaplaringga laqqa tushadigan ahmoq otang allaqachon oʻlib ketgan, e, bola!
-Polvon degan nomingiz bor, gapdan qaytmang-da endi.
-Gapdan qaytgan - hajiqiz. Yaqin orada katta qizingni toʻy qilib uzatamiz, pulni oʻshanda olasan.
-Tilingizga asal-e, togʻa! Sovchilar kelaverib tentagimni chiqazishayotuvdi. Qoʻlim sal kalta, deng. Pulim boʻlganda ertagayoq toʻy boshlavorardim.
-Kimlardan kelyapti sovchilar?
-Atrof qishloqlardanam bor, raysentrdanam bor. Sherqoʻzidan ham chiqishdi.

Turgʻunalini urib yuborishga tayyor turgan Tursunali polvon bu xabarni eshitgach, sergaklandi, gapining ohangi ham oʻzgardi:
-Toʻxta! Sen bola, ular bilan gapni kalta qil. Bu qizni begona qishloqqa bermaysan. Qizing kim, oʻylab koʻr-chi? Giroy onaning qizi-ya! Sen zotdor sigiringni boshqa qishloqqa sotgan boʻlarmiding?

Agar boshqa odam boʻlganida «qanaqa odamsiz oʻzingiz, qizimni sigirga oʻxshatasizmi?» deb ranjishi mumkin edi. Turgʻunali hozir bu qoʻpol oʻxshatishni mulohaza qiladigan ahvolda emasdi. Shu bois soddalik bilan:
-Bunaqa sigirim yoʻq, polvon togʻa,-dedi.
-Bu bir omadi gap-da. Biz kelajakda giroy boʻladigan qizlarimizni begona qishloqqa bermaymiz.

Bu qaror Turgʻunalining ezgin ruhiga qanot berdi, qaddini gʻoz tutdi:
-Unaqada va’dangizdagi mingga yana besh yuz qoʻshasiz,-dedi dadillik bilan. Bu talabni savdolashayotganday emas, balki qarzini undirishga qasd qilgan odam kabi aytdi. Bu talab Tursunali polvonga «Qani, Polvon togʻa, besh yuz qarzingiz bor edi, choʻzib qoʻying-chi!» deganday eshitildi.
-Nega endi?-deb soʻradi polvon, hayronligini yashirmay.
-Raysentr tomonlarda qalin puli koʻproq, bizda barakasi yoʻq.
-Xoʻp, qoʻshsam qoʻsharman.

Tursunali polvonning osonlik bilan koʻnishi Turgʻunalida shubha uygʻotdi.
-Yana bitta gap bor-da?-dedi chaynalib.

Tursunali polvon yana avvalgi doʻq ohangiga koʻchdi:
-Nima deysan?
-Oʻzimizning qishloqdan xaridor yoʻq.
-Bekor aytibsan! Bugun-erta kutasan sovchilarni.

Tursunali polvon shunday degach, Turgʻunalining hamon qoʻl qovushtirib turganini endi sezgandek ajablanib qaradi:
-Ha, yana nima darding bor? Qoʻllaringni tushirsang-chi, juda serta’zim chiqib qolding-ku?
-Qambarali koʻrinmadimi, togʻa?-dedi Turgʻunali boshiga ogʻir gʻam tushgan kishi ovozi bilan.
-Uni nima qilasan, tushirsang-chi qoʻlingni.

Turgʻunali ikkilana-ikkilana, oxiri qoʻllarini tushirdi. Shundagina yelkasi osha yenglari orasidan oʻtkazilib, ikki uchiga qulf urilgan zanjir koʻrindi.
-Bu qanaqasi?-deb soʻradi Tursunali polvon boshini sarak-sarak qilib.
-Qambaralining ishi bu, togʻa,-dedi Turgʻunali yigʻlamoqdan beri boʻlib.- Doim menga bir qaynovi ichidagi hazillarini qiladi. Bultur atayin mening nomimga pul toʻlab, «Sobakovodstva» degan jurnal yozdiribdi. Uyimga oyda ikki marta itlar haqidagi jurnal kelaverib, isnodlarga qolib ketdim.
-Laqabing «it» boʻlganidan keyin naq oʻzingning jurnalingni olgansan-da.
-Siz ham shunaqa deysiz-a!-Turgʻunalining hafsalasi pir boʻlib, qoʻl siltamoqchi edi, zanjir sharaqlab ketdi.- Kecha ochigʻi... Qambarali bilan ham qittak-qittak otuvdik. Uchib qolgan ekanman, shunda zanjirlab ketibdi-da. Qulfning kaliti oʻshanda.
-Qulfning kaliti menda,-Tursunali polvon shunday deb choʻntagidan kalit chiqardi.
-Ie, sizga beribdi-da,-dedi Turgʻunali umidsizlik bilan.
-Sen ahmoqni oʻzim kishanlaganman. Traktoringni daraxtga urganingdan keyin nima qilding, esingdami?
-Esimda. Omon qolganimning xursandchiligiga Xudoga shukur qilib, Qambarali bilan qittak-qittak qildik.
-Keyin-chi?
-Keyin...-Turgʻunali qancha oʻylanmasin, eslolmadi.
-Keyin uyingga borib, xotiningni urgansan, sen ahmoq! Kalla bormi, senda?! Giroy xotinni urishga senga kim huquq berdi? Oʻgʻling yugurib keldi oldimga.
-Qaysi biri keldi?
-Senga nima farqi bor?
-Otasini qaysi biri sotganini bilib qoʻyay-da?
-Sotqinni hali senga koʻrsatib qoʻymayin?!
-Tavba qildim, togʻa.
-Tavbang qabul emas. Bir hafta shunday yurasan. Senga jazo - shu!

Tursunali polvon shunday deb shart oʻgirildi-yu uyiga kirib ketdi. Turgʻunali gulxanga otilgan bechora holida kuyib qolaverdi. «Polvon togʻam bir hazillashdi-da, hozir chiqib, qulfni yechadi. Odamni qulflash odam qiladigan ishmas-da, axir» degan umidda eshikka umid bilan qarab turdi. Keyin umidi ushalmasligiga ishonch hosil qilgach, oʻziga oʻzi gapirganicha nari keta boshladi.
-Giroy xotinni urib boʻlmas emish. E, oʻrgildim, bunaqa hayotdan. Urib boʻlmasa, ogʻzini tikib qoʻy. Tinmay javrashiga oʻzim chidasam ham qulogʻim chidamay ketyapti. Tugʻaverib-tugʻaverib qoqiday qovjirab qoldi. Qorongʻida koʻrsam, kayfim uchib ketadi. Xotinni yangilay desam, bu xoʻjayin,-shunday deb orqasiga oʻgirildi-da, Tursunali polvonning eshigiga qarab oldi,- qoʻymasa kerak. «Giroy xotinni prostoy* xotinga almashtirish mumkinmas», degan zakun chiqarib qoʻyar.

«Kapital»ni Zamonali Yozmagan

Guzarda ovozlar tingach, uyda oʻtiraverib tinkasi qurigan Sobitali Qambarali kelgandir, degan umidda, aniqrogʻi Qambarali va’da qilgan zormandaning umidida eshigini ochib, tashqariga qaradi. Zanjirband Turgʻunalinini koʻrdi-yu avvaliga qotib qoldi, keyin kulganicha koʻchaga chiqib, unga roʻpara boʻldi:

-Ie, ha, bratan? Bu nimasi? Yangi moda topdingizmi? Zoʻr-ku? Qani, munday aylaning-chi, orqani ham koʻraylik,-dedi masxara ohangida.

-Masxara qilma, bu oʻzingning boshingda ham bor,-dedi Turgʻunali alam bilan.

-Batkaning qoʻliga tushibsiz-da, a?-dedi Sobitali hamdardlik bilan.

-Shunaqa boʻlib qoldi,-dedi Turgʻunali xoʻrsinib.- Bundan koʻra azroilning qoʻliga tushganim yaxshiroq edi. Yashashning qizigʻi qolmadi, uka. Ichsang - bu ahvol. Giroy xotinni urib boʻlmasa, u qilib boʻlmasa, bu qilib boʻlmasa... E!..

-Aka, gapingiz xuddi Zamonalining gapiga oʻxshaydi. Raykomda nima deganini eshitdingizmi?

-Qaysi Zamonalini aytyapsan?

-Yakkachinorlik suvchi-da. Oʻshani qoʻyarda qoʻymay partiyaga oʻtasan, deb raykomga olib borishibdi. Raykomda aqlli zotlar koʻp boʻladi-da, bechorani turgʻizib qoʻyib, tozza savolga tutishibdi. Bittasi «ichasanmi?» deb soʻrabdi. «Ha», debdi. Ichishini bilasiz-ku, simirvoradi. Mening bir haftaligimni u bittada oladi-yu boshi gramm ogʻrimaydi.

-Boshi boʻlsa ogʻriydi-da. Oʻsha zoʻring men bilan ichisha olmagan. Xursanalining toʻyida bormiding? Yarim yoʻlda qoldirib, pach-chagʻini chiqarib tashlaganman,-dedi Turgʻunali faxrlanib.

-Xoʻp, bu masalani alohida oʻtirib yechamiz. Endi davomini eshiting: xullas, ikkinchi dono «chekasizmi?» deb soʻrabdi. «Chekaman, hoʻlu quruq qaysinisi toʻgʻri kelsa, olaveraman», debdi. Uchinchisi «Begona xotinlar bilan don olishib turasizmi?» debdi. U «Erkak boʻlganimizdan keyin shoʻngʻib turamiz-da», debdi.

-Shu yerini yana oshirvording. Bunaqa ish kelmaydi uning qoʻlidan.

-Gapni boʻlmay turing. Xullas, raykom buva «Endi oʻrtoq Sotvoldiev, bu illatlarni tashlaysizmi?» desa, Zamonali «Xoʻp,akasi jonidan, tashlasam tashlay»,debdi. Shunda yana bittasi «Ayting-chi, oʻrtoq, siz partiyaga joningizni bera olasizmi?» deb qolibdi. Zamonali ham tap tortmay: «Berganim boʻlsin, akasi jonidan, ichmasam, chekmasam, begona xotinlarga qaramasam, menga bunaqa jonning nima keragi bor?» debdi-da. Endi savollar tugadi shekilli, deb chiqmoqchi boʻlsa, raykom buva «Kapital»ni kim yozgan?» deb soʻrab qolibdi. Zamonali «Mening bunaqa yoz-yoz odatim yoʻq, oʻgʻil bola gap shu: uni men yozmaganman», debdi.

-Toʻgʻri, u yozmagan. Yozadigan bolamas u. «Kapitanni yozgansan» degan boʻlsa, uchastkovoy kapitanni aytgandir-da. Uni yozsa anavi telpakchi Shokirali yozadi. Kapitan undan choʻtal olaverib, tentagini chiqarib yuborgan.

-Vey bratan, quloqmi bu oʻzi yo dasturxonchining suprasimi? «Kapitan» emas, «Kapital» degan kitob borakan.

-Kitob? E, qoʻy, Zamonali kitob yozarkanmi? Uch yil armiyada yurib, enasiga bitta xat yozmaganidi. Enasi bechora «bolam oʻlib ketgandir», deb yurgan ekan.

-Zamonali-ku yozmagan, bunisi aniq. Lekin oʻsha kitob raykomga qarshi yozilganga oʻxshaydi. Xullas, raykom buva «bu ishni tekshir», deb milisaga aytibdi. Zamonalini raykomdan toʻgʻri turmaga tiqib qoʻyishibdi. Ikki kun deganda boʻyniga olibdi-da. «Kapital»ni men yozganman», deb tilxat beribdi.

-Boʻyniga olgan boʻlsa, oʻlibdi bola. Endi naq otib yuborishadi.

-Yoʻq, tilxatni olib chiqarib yuborishibdi. Kecha billalashib rosa otganmiz. Turmadan qutulib chiqqanini yuvganmiz.

-Olib qochma, «yozganman» deydi-yu milisa indamaydimi?

-Indolmabdi-da. Raykomga borganida partiyaga qabul qilib qoʻyishgan ekan. Kommunistlarni qamash mumkinmasmish. Keyin kim yozganini raykomning oʻzi aniqlabdi chogʻi.

-Kim yozgan ekan?

-«Marks» deganday boʻldiyov.

-Marks yozgan boʻlsa u bola bechoraga nega osilishadi?

-Ularning ishiga kim tushunardi? Da’vo qilgisi kelsa qilaveradi-da. Vey bratan, bunaqa turishda ezilib ketasiz-ku, kimning ishi bu?
— Kimniki boʻlardi?.. Xotindi urgan emishman. Giroyni urish mumkinmasmish.
— Shu batka ham juda oshirib yuboradi-da! Kecha menam sal uchib qolgan ekanman, deng, ertamatan qarasam, xotin yoʻq. Uyiga ketib qolganmish. Batka nima deydi? Xotinimni uch taloq qoʻyganmishman. Uchta erga tegmaguncha qaytmasmish.

-Sening ishing oson ekan.

-Nimasi oson?

-Xotining yosh, tegaman, desa uchta er topiladi. Bir oydan tursa, uch oydan keyin yana oʻzingniki-da.

-Vey, bratan, chuldiramang.

-Meniki qiyin, uka, xotinni yarim taloq ham qoʻya olmayman. Yigirma yillik poʻstakday quruqshab ketgan xotinga it ham qaramaydi. Unga uchta er topilishi qiyin. Kayfchilikda «uch taloqsan» deb yuborgan boʻlsam, uyim kuyadi.

-Tushunmadim? Topilmasa yaxshi-ku! Taloq boʻlib yuraveradi, siz boshqasiga shartta uylanib, kayfni suraverasiz.

-Qani edi shunaqa boʻlsa. Sen mening xotinimni bilmaysan. U - giroy! Tugʻishga ham giroy, meni piypalab tashlashga ham giroy. Taloq qilsam, onasinikiga joʻnavoradi, deb oʻylaysanmi? Be, ketib boʻpti! U mening dumimga chelak bogʻlab haydaydi. Bolalarni ham yonimga qoʻshib beradi. Oʻn uchta bolali traxtirchiga birov tegarmidi? Bolalarning ishtonini yuvish bilan kunim oʻtaveradi

-Oʻzi bollardiyam ja-a ekvorgansizda. Shartmidi shuncha?-dedi Sobitali uning yelkasiga asta mushtlab.

-Shartlikka shartmas-a, omma menga xotinning rosayam tugʻongʻichi uchrab qolgan-da,-dedi Turgʻunali afsus bilan.-Eski choponimni yopinib yotsa ham ikkiqat boʻlib qolaveradi-ya! Sakkizinchisini tuqqanida unga aytdim, «ke, endi qulf urib qoʻya qol», dedim. Gapimga kirib bir yil tugʻmovdi, polvon togʻang naq revolyutsiya qilib yubordi-ku? Xotining ikki yilda giroy boʻlmasa, qishloqdan chiqib ket, yuribsan erkakman deb, shart qoʻydi.

-Batka zoʻr. Shartni bajarmasangiz yoningizga kirib yotib olishdan ham toymaydi. Batka menga ham shunaqa topshiriq bergan. ¤ringa yotishim bilan batka biqinimdan turtganday boʻlaveradi. Xotin ham xayron. Namuncha aktiv* boʻlib ketyapsiz, deydi. Batkaning zugʻumidan uning xabari yoʻq-da! Omma sizga yaxshi, endi sizga bunaqa doʻq-poʻpisa yoʻq. Oxirgisi qiz boʻldi-a?

-Nega qiz boʻlarkan, oʻgʻil!-dedi Turgʻunali gʻururlanib.

-Adashmang, qiz edi, bratan.

-Sen qayoqdan bilasan?

-Yangi mehmonni qachon yuvamiz, deganimda «Esing bormi, qizdi ham yuvadimi?» devdingiz. Oti nima, esingizdami?

-Nimaga esimda boʻlmasakan? Oxirgisi aniq oʻgʻil edi. Xotinim ham aytgan. Otini... hozir aytaman. Dilshodalidan keyin Behzodali, keyin Sherzodali, keyin Shahzodali. Keyin...

-Keyingisi - Voydodali!- oʻzining bu hazili oʻziga moydek yoqib, huzurlanib kuldi.

-Sen kulma, bola, hozir boshim tars yorilib ketay deb turibdi.

-Bosh ogʻriqdan siz gapirmang, men kuymay aka. Qatiq ichuvdim foyda bermadi, dorisini qilmasak boʻlmaydi, uyda bormi?

-Be, xotin zoti uyda dorini qoʻyib qoʻyarkanmi? Molxonadagi goʻngning orasiga yashirsam ham topibdi-ku!

-Unda hozir yoʻlini qilamiz. Qambaralining televizori buzilgan ekan. Bugun kun boʻyi boqadi bizni.

-Kun boʻyi?

-Yoʻli bor-da. Hozir kiramiz. Televizorini tuzataman. Yuzta-yuztani otvolamiz. Keyin peshinda bizni oʻzi qidirib topadi.

-Qanaqasiga?

-Shunaqasiga. Televizorini peshinga qadar ishlaydigan qilib tuzataman. Televizorning yaxshilab tuzalishi uchun ustani bir kun boqmasa boʻlmaydi.

Shunday fitnani moʻljal qilib turishganda Qambaralining oʻzi kelib qoldi. Batkasining topishirigʻini tezroq bajarish uchun yugurganmi, it quvigan mushukdek boʻlmasa-da, har holda xansirardi. Uni koʻrishi hamon Sobitalining qorongʻi koʻngliga chiroq yoqilganday boʻldi.

-Qani, akaxon, biz tayyormiz, tuzatamizmi televizorni?-dedi xaloskoriga peshvoz chiqib.

-Yarim soatdan keyin. Bilasan-ku, Batka ekstrenniy majlis chaqirgan.

-Majlis boshqa shoʻrpeshonalarga atalgan. Biz kirib ishni boshlayveraylik.
— «Biz» deysanmi? Bu akamiz ham billa tuzatadilarmi?-Qambarali shunday deb Turgʻunalining yengidan chiqib turgan qulfni oʻynab, kuldi:- Zoʻr-ku? Muchalingiz buqami, deyman-a?

Ayni damda Qambarali faqat Sobitaliga emas, Turgʻunali uchun ham xaloskor maqomida edi. Shu bois unga iltijo bilan boqib dedi:

-Qambarali, buning kaliti senda emish, a?

-Bu mening ishim emas, aka. Batka aytdi, men zanjir bilan qulf olib kelib berdim xalos.

-Aytsa olib kelaverasanmi? Topolmadim, deb qoʻysang oʻlarmiding?

-Batka topmaganimga qoʻyarmidi? Zavodiga boʻlsa ham joʻnatardi-ku.

-Endi bir amalla.

-Iloji yoʻq.

-Vey, kalit qidirib yurasizmi, yo egovlaymiz yo arralaymiz, tamom-da!

-Qani, bir urinib koʻr-chi, zanjirni oʻzingning boʻyningda koʻrarsan. Batka oʻzingni egovlaydi, buni tochna bilaman.

Sobitali bilan Turgʻunali boshlariga tushgan dunyo tashvishlaridan qanday qutulishni bilmay garangsib turganlarida Tursunali qishlogʻi erkaklarini isnoddan qutqarib qolish choralarini izlardi. Bu odam tiliga kelgan gapni qaytarmay valaqlayveradi, deguvchilar yanglishishadi. Toʻgʻri, ba’zan shunaqa ham boʻlib turadi. Ammo majlisda valaqlaydigan odati yoʻq. Har qanday yigʻinga, ayniqsa, oʻzi belgilagan majlisga astoydil tayyorgarlik koʻradi. Shu bois, Tursunali polvon otasini behurmat qilardi, degan gapga ishonish mumkin-u, biroq, «majlisga befarq edi», degan gapga inonmaslik kerak. «Majlis – siyosat degani. Siyosatni mensimagan odam oʻzini behurmat qiladi» – uning bu aqidasiga haligacha birov qarshi chiqmagan. Hozir ham majlisda aytadigan gaplarini oʻylab, pishirib oldi. Egniga yarim harbiy kiyimini kiydi. Jangovor nishonlarini artib, yaltillatdi. Shundan keyingina koʻcha eshigini ochib, tashqariga chiqdi. U koʻchada koʻrinishi bilan Turgʻunalini «kishan»dan ozod qilish masalasi hal etilmay, hammalarining damlari ichlariga tushib ketdi. Tursunali Sobitali bilan Turgʻunaliga gapirib turgan Qambaralini koʻrgach, achchiqlanib, baqirib berdi:

-Qambar! Nimaga ivirsiyapsan? Anavi alkashlarni yoningga olib, joy tayyorla. Maktabga xabar qildingmi, pionerlarni yuboradigan boʻlishdimi?

-Bu yogʻi besh boʻldi, Batka.

-Hammasi qoidali boʻlsin. Prezidium qil. Gul qoʻyishni unutma. Xoʻ-oʻsh... prezidiumga kimlarni saylaysan, yana dovdirab yurmagin.
— Hammasi tochna boʻladi, Batka, siz savsem* havotirlanmang.

-Alkashlarning burnini yerga ishqab ishlat, omma zanjirini yecha koʻrma. Bir haftaga hukm boʻlgan, yechding - oʻzing tushasan. Men dakalatimni oʻqib chiqqunimcha hammasi tayyor boʻlsin,- shunday deb tayinlagach, yana uyiga kirib ketdi.

-Eshitdilaringmi?-dedi Qambarali «koʻrdilaringmi, menga ham oson emas», degan ma’noda qarab.- Qani, yurlaring.

-Vey, bratan, biz televizoringni tuzataylik, bizni siyosatga aralashtirma,-dedi Sobitali orqasiga tisarilib.

-Oʻlib qolmaysan, uch-toʻrtta ustul tashib berasan, xalos. Sen yur, akamga mayli, uzrli.

Sobitali nochor ravishda unga ergashdi. Turgʻunali yechilmay qolgan qulf tashvishidan bir azoblansa, Qambaralining uyida ichilmay qolgan aroq xumoridan ming azoblanib qolaverdi. Qambaralini insofsiz deymizmi yoki farosatsizmi, har holda Turgʻunalini bu ahvolda tashlab yaxshi ish qilmadi. Oʻgʻil bola degan bunaqa boʻlmaydi-da! «Turgʻunali aka, bosh ogʻriqning azobi bizga ham ma’lum, siz menikiga kirib turing, keliningiz bir piyolagina quyib beradi, keyin biz kelib billalashib davom ettiramiz», desa enasining haqqi ketadimi! Bir qishloqda yashab, bitta ariqning suvini ichgan odamda rahm-shafqat boʻlmasa, boshqalarga qiyin ekan-da!

Fitna

Turgʻunali dunyodan umidini uzgan chorasiz odam holatida bir-bir bosib soy boʻyiga bordi-da, tiz choʻkdi. Odamlar orasida «tushingni suvga ayt!» degan ibora bor. Turgʻunalida suvga aytadigan tushi yoʻq, lekin dardlari bor. Oʻzi ham sezmagan ravishda u dardlarini suvga toʻka boshladi:

-Xudoyim buncha ham meni yomon koʻrib qolmasa. Bir chekkada oʻsib turgan daraxtni traxtirimning roʻparasiga keltirib qoʻysa. Anavi,- shunday deb Tursunali polvonning uyi tomonga qarab qoʻydi,- ogʻzi polvonlarning qoʻliga zanjir-qulfni berib qoʻysa...

Turgʻunali dardini suvga aytayotgan mahalda «ekstrenniy majlis»ga chorlangan azamatlarnaing eng faollari birin-ketin kela boshladilar. Sultonali, Nurali, Miralilar soy boʻyida oʻtirgan Turgʻunaliga ajablanib qaradilar. Hamqishloqlarining paydo boʻlganlarini sezmagan Turgʻunali esa Xudoga boʻlgan zorini davom ettirdi:

-Ertalab bir qultumgina zormandaga zor qilib qoʻysa. Xudoga nima yomonlik qilgan ekanman, hayronman. Yuztagina ichaman. Ichamanu yotaman. Birovga zararim tegmasa. Ichishimning nimasi gunoh, hayronman? Aroqni men oʻylab topibmanmi? Uni Xudoning oʻzi berib qoʻygan boʻlsa. Shu Turgʻunali degan bandam traxtir haydayverib, xotinini roddomga tashiyverib ezilib ketdi, yuztagina otib xumordan chiqsin, deb yaratgan boʻlsa-yu, men ichmayinoq bu dunyodan oʻtib ketsam Xudoga behurmatlik boʻlmaydimi? Bular hurmat-purmat degan narsani biladimi oʻzi? U deydi, bu deydi... Xoʻ-oʻsh... qiyomatda Xudo «Turgʻunalivoy, men yaratib qoʻygan dorini nazarga ilmadingizmi? Nega yuztagina otib kayfingizni surmadingiz? Aroqning oʻzi xarom emas, kayfi harom», deb qolsa nima degan odam boʻlaman? Xotinim ruxsat bermadi, deymanmi? Xoʻsh, kimning gapi gap? Xotinning gapimi yo Xudoning gapimi? E Xudo, yana bir marta xudoligingni qilgin: nasibamga yana yuz grammgina qoʻsh. Hozir shuni otib olmasam, yorilib oʻlaman, oʻzing tovonimga qolasan. Sal oʻzimga kelvolayin, keyin tashlasam tashlay shu zormandani. Lekin... keyin ham «ichaver» desang, yana oʻzing bilasan. Men Xudoning gapini qaytaradigan nomard bola emasman.

Bu hasratni eshitgan hamqishloqlar oʻzlarini tutishga harchand urinishmasin, kulib yubordilar. Turgʻunali bu kulgidan choʻchib, orqasiga qaradi-yu «bular osmondan tushdilarmi?» deganday garangsib qoldi.

-Ha, Turgʻunali aka, bahay? Tushingizni suvga aytyapsizmi?-dedi Nurali.

-Tush, deysan-a! Hammayoq agʻdar-toʻntar boʻlib ketdi. Yashashdiyam qizigʻi qolmadi, uka!-Shunday deb oʻrnidan turgan edi, hamqishloqlarning koʻzlari qulfga tushdi-yu kulgini avjga chiqardilar.
— Ie, qulflar qulluq boʻlsin! Kimdan hadya boʻldi, aka?-dedi Sultonali.

Turgʻunali «shuni ham bilmaysanmi, nodon», deganday Tursunali polvonning uyi tomon imlab qoʻydi:

-Kimdan boʻlardi...

-E, bundan ranjimang asti. Quvoning akaxon, siz naq Gitlerning oʻzi bilan tenglashibsiz,-dedi Nurali uni yelkasidan quchib.

-Masxara qilma, uka, oʻzi oʻlolmay turibman,-dedi Turgʻunali zorlanib.

-Masxaralaganim yoʻq. Axir polvon togʻam «Naq Gitlerning qoʻllariga kishan urganman, naq Jukovning oʻzi «Malades, Tursunali!», degan» deb ming marta aytganlar-ku?
— Razvedkaga borishgani-chi?-deb gapga aralashdi Mirali.
— Qani, qani, bu yangisi shekilli?

-Yana latifa toʻqib yuribsanlarmi? Unaqa qilmalaring. Urush hazillashadigan narsa emas,-dedi Turgʻunali norozi ohangda.

-Latifa emas, boʻlgan gap,-dedi Nurali.-Xullasi, komandir bu ikkala polvonga «Bittagina nemisdi tutib kellaring», deb buyuribdi. Xoʻp, deb ketishibdi. Teshaboy togʻam yoʻlda «Menga qara, Tursunali oshnam, bittagina nemisdi deb ikkalamiz sandiraqlab borsak uyat emasmi? Bu gap qishloqqa yetib borsa isnod-ku?» debdilar. Bu gap Tursunali togʻamga ma’qul kelib «Toʻgʻri aytasan, sen shu yerda tura tur. Sen nosdan tashlab olovur. Shu nosdi tupurguningcha bitta nemisdi orqalab kelmasam yurgan ekanman», deb ketibdilar. Shu deng Teshaboy togʻam nosqovoqdagi bari nosdi chekib tugatsalar ham ogʻaynilaridan darak yoʻgʻmish. Bu yogʻi shom tushayotganmish. Shunda togʻam tushmagur bir tepalikka chiqvolib, «Tursunali, hov Tursunali!» deb baqiribdilar. Polvon togʻam oʻsha yaqin orada ekanlar, «Ha, nima deysan!» debdilar. «Nemisdi topdingmi?» soʻrabdilar Teshavoy togʻam. «Ha, topdim», debdilar Tursunali togʻam. «Nechta topding?» «Ha, toʻrttaginasini topib qoʻydim.» «Topgan boʻlsang, opkemaysanmi?» «Oboray desam, bu zangʻarlar meni qoʻyvorishmayapti-da!» deb javob bergan ekanlar.

Nurali toʻqigan bu latifa yangi boʻlmasa-da, hamrohlari kulishdi. Turgʻunali esa «he, esi yoʻqlar!» deb teskari oʻgirildi.

-Ha, Turgʻunali aka, bu gaplarga kulmaysiz ham?-dedi Mirali tegishib.

-Shunaqa ahmoq gapga ham kulaveradimi odam degan,- dedi Turgʻunali unga qaramay.

-Boshqa sabab ham bordir?-dedi Nurali.-Bosh ogʻriyatgandir, a?

-Bu gaping ham toʻgʻri, bosh yorilay deb turganda koʻngilga kulgu sigʻami?

-Yana «boshim qorongʻu», deng?-dedi Nurali uning biqiniga asta turtib.

-Masxaralama, dedim senga!

Hamqishloqlarga payrov uchun gap topilgan edi. Shu bois Turgʻunalining noroziligiga e’tibor bermay, Sultonali gapni ilib ketdi:

-Boshlari qorongʻumasdir, kecha kechqurun dovdirab yurgan ekanlar, behos «oy koʻrgan»dirlar. Oy koʻrganda ham bosh ogʻrirmish, a?

-Bu turishlariga qaraganda oy emas, naq enalarini koʻrganga oʻxshaydilar,-dedi Nurali.

Turgʻunalining astoydil achchiqlanayotganini sezgan Mirali unga yaqinlashib, yelkasiga qoʻlini qoʻydi-da, huddi mehribon otadek dedi:

-Xafa boʻlmang, aka, bular ishqi yoʻq - eshshak, dardi yoʻq - kessak. Birovning dardini bilarmidi? Bosh ogʻriyotgan boʻlsa, ilojini qidirmay, bu yerda nima qilib oʻtiribsiz?

Turgʻunali hamdard topilganidan xursand boʻlib ketdi. Agar hozir qoʻli qulflogʻliq boʻlmaganida uni quchib olishdan ham toymasdi.

-Sobitali ilojini topuvdi,-dedi u chuqur xoʻrsinib. Agar suvdan ajralgan baliq tilga kirib gapira olsaydi, huddi shu ohangda xasrat qilib, huddi shunday xoʻrsingan boʻlarmidi...Turgʻunali dardini chala qoldirmay, yanada alamli ohangda izoh berdi:- Qambarali unga ustol tashityapti, hozir majlismish.

-Qambaraliga ishondingizmi, u Aldar koʻsaning ustozi-ku? Sizlarni laqillatgan.

-Laqillatsa, televizori tuzalmaydi,-dedi Turgʻunali ishonch bilan.- Sobitali anoyimas. Yarimta quymaguncha ish boshlamaydi.
— Unda uch kishiga boʻlamiz, meniki ham tortib turibdi,-dedi Mirali uni yelkasidan qattiqroq quchib. Bu taklif Turgʻunaliga ma’qul kelmay oʻzini chetga oldi:

-Sen oraga suqulma. Ichmayman, deb qasam ichgansan. Qasamni buzma, yomon boʻladi bola.

-Akajon, tutun qaytarmang endi. Men ichmayman, deb qasam ichgan boʻlsam, siz Miralini zoʻrlamayman, deb qasam ichmagandirsiz?

-Qoʻy, uka, bu boshqa masala. Biz ichsak yarashadi. Har holda «giroyning eri» degan nomimiz bor. Senam avvaliga xotiningni giroy qilib olgin, soʻng xurmachangga siqqanicha otavur.

-Mirali, xiralik qilaverma. Sen qoʻshilsang, nasibalari yarimta boʻladi,-dedi Sultonali. Bu tanbeh Turgʻunalini bostirib kelayotgan tashvish bulutidan qutqardi. Mirali sherik boʻlishini pisanda qilganida aroq toʻla piyolani qoʻlidan tortib olganday tuyulgan edi. Sultonalining gapidan keyin bir tomchisi ham isrof boʻlmay, oʻziga qaytarib berilganday boʻldi.

-Toʻgʻri aytasan, nafsi yomon buning. Nahang baliq ham bunchalik ichmasov,-dedi u Sultonaliga minnatdorlik bilan boqib.

-Buning ichagi toʻgʻri, tomogʻidan oʻtvolsa bas, u yogʻiga toʻxtash yoʻq,-dedi Nurali uni quvvatlagan boʻlib.

Ular shu yoʻsin Turgʻunaliga tegishib turishganda soyning narigi tomonida Shoirali paydo boʻlib, hazillari barham topdi. Shoirali shu qishloqdan chiqqan chala shoirlardan. Chala deyilishining boisi shundaki, unda asli shoirlikka hos uquv yoʻq. Tugʻilgan chogʻida otasi kimningdir gapiga kirib unga «Shoirali» deb ism bergan-u bu oʻgʻil ulgʻaygach, «ismim ishimga munosib boʻlsin», deb shoirlikni havas qilib, shaharga joʻnab qolishini hisobga olmagan edi.

--     Ya’ni, ya’ni, ya’ni!
    Ahvolimni koʻr mani!
    Yaxshimi shu, ayt,
    Sevganim erga tegib ketgani!

Shoiralining bu satrlar bilan nazm olamiga qanday kira olishini hamqishloqlari bilishmaydi. Ular uchun bittagina dalil bor: Shoirali shaharda shoirlik qilib yuribdi. Ba’zilar shaharga borib biron martabaga erishgach, qishlogʻini unutib qoʻyar ekan. Lekin Shoirali unaqa nomardlardan emas. Qishlogʻini hamisha sogʻinib yashaydi. Ayniqsa, choʻntak boʻshab qolganida bu sogʻinch yanada oshadi. Shunda u huddi murid ovlagan pirdek qishlogʻida paydo boʻladi. Shahardagi olamshumul yutuqlaridan gapira-gapira, barchani ishontira-ishontira, hech boʻlmasa, bir oyga yetgulik mablagʻ bilan qaytadi.

Zoʻr umidlar bilan qishloqqa qadam qoʻygan Shoirali doʻstlarini koʻrdi-yu quvonib ketdi:

-Atamanlarga shon-sharaflar boʻlsin!-deb xitob qildi-da, soydan sakrab oʻtib, ularni bir-bir quchoqlab, koʻrishdi. Bu orada Qambarali bilan Sobitali stullarni koʻtarib kelib qolishdi. Shoirali ular bilan ham soʻrashgach, Turgʻunaliga qarab dedi: - Bu ne hol, atamanlar, bir tomonda toʻy, bir tomonda kishanlangan qullar?

-Batkamiz bugun ertalabdan mestniy nasionalniy* motam e’lon qilganlar,-dedi Sultonali kulimsirab.- Endi kishanning sababiga kelsak, birdaniga uchta tugʻdirib xotinni giroy qilish usullarini Oʻroqboy akaga shu kishi oʻrgatgan, degan gumonlar bor. Hozir ekstrenniy majlisda bizning masalamiz koʻriladi.

-Sabab?-dedi Shoirali muhim muammoga duch kelgan kishiday qoshlarini chimirib.

-Sababini oʻzing bilasan, bizdi xotinlar giroylikka nomzod,-deb tushuntirdi Sultonali.- Yana uch-toʻrt harakat qilinsa, xotinlar giroy, bizlar otets-maladesmiz-da! Omma majlisdan picha xavotirim bor. Batka tushmagur xotinlaring srazu uchtadan tugʻsin, deb sotsialistik majburiyat yuklavormasaydi. A, Nurali?

-Otets-malades boʻlging kelayotgan boʻlsa oʻzing boʻlaver, omma meni qoʻshma. Batka hali tantanali va’da talab qiladi. Shunda ham sen oʻzing uchun va’da beraver. Meni aralashtirma. Moʻljal - beshta edi. Shu Batkaning zugʻumi deb yettitaga olib chiqdim. Boʻldi, yetadi.

-Unaqa demagin-da, endi. Erkak odam orqaga qaytmaydi.

-Orqaga qaytmaganning ahvoliga ana, bir qara, holiga maymun achinib, yigʻlab-yigʻlab ado boʻladi.

-Oʻ, zoʻr! Zoʻr tashbih boʻldi!- Shoirali shunday deb bir oz oʻylandi. Bu onda uchib kelgan ilhom parisi burni ustiga qoʻnib, ogʻziga tupurdi shekilli, she’r toʻqib yubora qoldi:- «Turgʻun togʻa dardida boʻldi xarob bu maymun, suvsiz qoldi bu Jayhun, qurib qoldi Oroljon!»

Ilhom parisining esnashidan hosil boʻlgan bu satrlarni eshitgan Turgʻunalining figʻoni koʻkka uchdi:
— Vey bola, sen shoirmisan yo jinnimisan? Sen meni maymunga tenglashtiryapsanmi?

-Hay, hay akam, oʻzingizni bosing. Sizni maymunga qiyos etganim yoʻq. Siz she’r san’atiga tushumaysiz.

-Oʻrgildim, oʻzing tushunaver. Senam odammiding...

Shoirali unga norozi qiyofada boqib, e’tiroz bildirmoqchi edi, gapga Sultonali aralashdi:

-Toʻxtanglar, gʻalva qilmanglar. Xoʻp, shoir oshnam, bir pasda she’rni ham toʻqib tashlading-a. Nima edi? «Qurib qoldi Oroljon» Oroljoning kim?

Savolga javob qaytarishdan oldin Shoirali unga gʻolib odamning magʻrur qarashi bilan boqdi:

-Orol - bu dengiz. Jayhun - Amudaryo. Daryoda suv kamayib, dengiz quriyapti, tushundingmi?

-Men-ku tushundim-a, lekin Turgʻunali akaning Orolga nima dahli bor? Bu bechoraning ogʻrigan boshiga Oroljoning davomi?

-Sultonali, bilmasang senam gapiraverma,-dedi Nurali ularning bahsiga qoʻshilib.- Hali she’rning davomi boʻladi. Davomida Turgʻunali akaning oʻn ikkita oʻgʻli bi-ir choptirib berishsa, Oroljon ham toʻlib qoladi-da. Shoirlarning gaplari ma’noli boʻladi.

Koʻtarib kelgan stullaridan biriga oʻtirib olgancha chala-yarim askiyaga mahliyo boʻlib oʻtirgan Sobitalini Qambarali turtib, turishga undadi. Sobitaliga bu onda stul tashish azobidan koʻra polvon togʻasidan musht yeb oʻlish azobi osonroq koʻrinardi. U «nima qilsang qil, turmayman», deb qoʻl siltagach, Qambarali qulogʻiga «bu ishlar qancha tez tugasa, uyga shuncha tez kiramiz», deb shivirlab, dunyodagi eng oliy haqiqatdan xabardor qilgach, noiloj oʻrnidan turdi.

Muammolarini yechish bilan band hamqishloqlar esa ularga e’tibor bermadilar. Qambarali ularga «insoflaring bormi, ikkitagina ustol olib chiqsalaring-chi» demadi. Chunki bu qishloqda Tursunali polvondan keyin siyosatni yaxshi tushunadigan ikkinchi ongli odam aynan Qambarali boʻladi. Shunday ekan, majlisga chaqirilganlarga ish buyurish siyosiy xato ekaniga uning aqli yetmaydimi?

Nuralining gapi Shoiraliga ma’qul keldi. Gapga mazax aralashganini sezsa ham sir boy bermay, balandparvoz ohangda dedi:

-Gaping haqiqat mezoniga yaqin, doʻstim. Shoirni tushunishni oʻrganish kerak. Mana, «ariqlarning tagida koʻpriklar oqar», deganda nimani tushunasan? Nurali, sen jim tur, manavi tarvuz aytsin, xoʻsh?

-Buning yoʻli oson, oshna. Hozir bir kalla qoʻyib agʻanatman-da, soʻng oyogʻingni osmondan qilib anavi daraxtga bogʻlayman. Ana shunda ariqning tagidan oqayotgan koʻprikni koʻrasan.

Bu gap Turgʻunaliga ma’qul tushib kulib yuborgan edi, Shoirali unga norozi qiyofada qaradi:

-Ha, akam, siz nimaga tushuna qoldingiz?

-Tushunganim shuki, shoir bola,-dediTurgʻunali,- Sultonali kalla uradigan boʻlsa, sen koʻprikni emas, bira yoʻla enangni koʻra qolasan.

-Oʻrislarning tuzlagan tarvuzida ham bir maza bor-u, ammo senlarda maza-matra yoʻq,-dedi Shoirali hafsalasi pir boʻlib.- She’r eshitganda kallani ishlatish kerak. «Ariqlarning tagida koʻpriklar oqar», deganda suvga koʻprikning aksi tushib turibdi, suv toza, ya’ni ekologicheskiy chistiy, ichish mumkin, degani. Ke, qoʻy, shaharda she’riyat asoslari haqida bahslashaverib charchaganman. Bu yerga xordiq chiqargani kelganman. Undan koʻra qanday problemalaring* bor, shulardan gapirlaring.

-Oʻtgan safar ham «problema» deb boshni achituvding. Esingdan chiqdimi?-dedi Nurali.- Batkadan boshqa problemamiz yoʻq bizning. Shu odamning zugʻumidan qutulsak, sal erkinroq yurardik. Bir nimani oʻylab topaman, deding-u qorangni oʻchirding. Bitta osh bilan yettita aroqqa tushganimiz qoldi.

-Buncha past ketding, oshingni yeb qochvorganim yoʻq. Oʻylayapman. Endi, birodari aziz, ijod mashaqqatli, qiyin narsa boʻladi.

-Batkaning ijodga nima aloqasi bor?
— Sen nima deb oʻylovding, yoʻl topish ham ijodning bir turi-da!

-Sen mashaqqat-pashaqqatingni qoʻyatur,-dedi Sultonali uni jerkib,- kitobing chiqay dedimi?

-Xudo xohlasa chiqadi,-dedi Shoirali ishonch bilan. Keyin Sultonaliga ma’noli boqib, pichingli ohangda gapini davom ettirdi:- Kitob chiqarish toʻqqiz oyda xotin tugʻdirishday oson ish emas, ogʻaynijon. Buning ham mashaqqati bor. Oʻtgan haftada shaxsan oʻrtoq Ermatov huzurlariga taklif etib, «kitobingizni birdaniga ikki tomlik qilib chiqaramiz», dedilar. Hozir «Oq sut» degan she’riy roman yozyapman. Tugatishim bilan ikki toʻmlik chiqadi.

-Ermatoving kim?

-Ie, eshitmaganmisan? U - korrektor! Nashriyotning mas’ul xodimlaridan.
— Direktordan ham kattami?

-Shunday desa ham boʻladi. Korrektor – «korrespondent rektor» degani. Rektorni bilasan, institutning kattasi. Korrektor institutdan ham katta. Anov-manov odammas.

-Yelkamizga oʻtirib olib, quloqqa tepaver oshna. Bizlar shu qishloqdan bir qadam nariga chiqmaganmiz, shu Batkadan boshqa odamni koʻrmaganmizam, bilmaymizam.

-Gapimga ishonmayapsanmi?

-Sening gapingga ishonmagan - oʻgʻri. Faqat zamonning oʻzgarib ketganiga hayronman,-dedi Sultonali.- Oʻn yil oldin mening togʻam ham korrektor boʻlib ishlardilar. Ertayu kech harf titkilab, xato tekshirib oʻtiradigan eng past lavozim, derdilar. Endi korrektor degani shunaqa katta lavozim boʻlib ketibdi-da, a?

Shoirali qarasa-ki, gap oʻyinidan latta hidi kelayapti. Sultonali bilan gap talashishning oqibati qanday boʻlishini boshqalar bilmasa ham u yaxshi biladi. Sal oldin Sultonali «bir kalla qoʻyib agʻanataman-da...» deganda Shoirali bekorga qalqib ketgani yoʻq. Bir oshxoʻrlikdan soʻng bu kallaning kuchi qanchalik ekanini oʻzi sinab koʻrgan. Xushiga kelgandan keyin «Meni moshin-poshin urib yubordimi yo Sultonali kalla qoʻydimi?» degan savolga anchagacha javob topa olmagan edi. Hozir Sultonalining avzoyi kalla qoʻyish darajasida buzilmagan boʻlsa-da, achchiqlanib, hech boʻlmasa tirsagi bilan turtib yuborishi hech gap emas. Shoirali bu noxushlikning oldini olish uchun kuldi-da, uning yelkasiga qoʻlini qoʻydi:

-Bilarmikansan, deb bir hazillashdim-da, oshna. Ermatov deganim nashriyotning bosh direktori boʻladi. Kel, qoʻy bularni, problemadan gaplashaylik. Men, ochigʻi Batka problemasini hal qilib kelganman. Oqshomda samovorxonada bitta palovxontoʻrani yasaysanlar, men yechimni senlarga aytaman.

-Avval aytasan,-dedi Nurali qat’iy ohangda.- Tekinni urib, qochvorishga suyaging yoʻq. Boʻkib oʻlmaganingga hayronman.

-Senlar nizkiy* pastkashsanlar, shuni bilasanlarmi? Qishloqlaringdan bittagina taniqli shoir chiqibdi-ku, bitta oshga tirriqlik qilasanlarmi? Boshqa qishloqlarda shoirlarini boshlariga koʻtarib yuradilar. Koʻchalariga nomlarini qoʻyadilar. Oʻlganida muzeylar qiladilar.

-Sen oshna, ranjima. Shoirning hurmatini bizlar ham oʻrniga qoʻyishni bilamiz,-Sultonali shunday deb Shoiralining qoʻlini yelkasidan tushirdi- Ishonmasang, shu bugunoq oʻlib bergin, molxonaga sening nomingni bermagan - nomard. Oʻligingni ham xor qilmaymiz. Naq kolxozning qovoqzoriga qoʻyamiz. Yotgan yeringni ziyoratgoh qilib qoʻyamiz. Xotinlar kelib atrofingdagi qovoqlarning palagiga latta bogʻlab ketadi. Pul toʻplab, qovoqlardan haykal yasaymiz.

-Sultonali, shoirni oʻldirmay tur, topgan gapini aytib olsin,-dedi Nurali kulib.
— Ha, oshnam, oʻlishga shoshilmay turasan. Hozir oʻlsang, rais qovoqzorga qoʻydirmaydi. Kech kuzni moʻljallayver.

-Boʻldi qil,-Nurali shunday deb Sultonalining biqiniga turtib qoʻydi-da, Shoiraliga yuzlandi:- Planingni* aytaver, doʻstim, bunga parvo qilma.

-Batkaning zugʻumidan qutulaman, desalaring...
— «Oʻldirib qutulasanlar», dema. Bunisi bizga toʻgʻri kelmaydi-,-dedi Sultonali uning gapini boʻlib..

Shoirali hammaga bir-bir qarab chiqdi-da, olamshumul rejasini tantanavor ohangda bayon qildi:- Gap shu: Batkani uylantirish kerak.

-Uylantirish?

Hammalari kelishib olganday baravariga shunday deyishdi-da, oʻylanib qolishdi. Bir necha nafaslik sukutdan soʻng birinchi boʻlib Nurali tilga kirdi:

-Umuman... yaxshi fikr,-dedi u oʻychan ravishda.- Lekin kimga? Bu buqaga kim tegadi? Ikkita xotin chidamagan unga. «Oʻn ikkita bolaga oʻgay ona boʻlaman», deb kimning koʻzi uchib turibdi?

-Bu birinchi masala,-deb Sultonali uning gapini tasdiqladi.- Ikkinchi masala - unga kim «uylaning» deydi? Kimning gapiga quloq soladi. Sen aytib koʻr-chi? «Enangdi opke, uylanaman», demasa, yuzimga tupur.

-Hovliqmalaring. Ikkala masalalaringni ham oʻzim hal qilib beraman. Evaziga palovxontoʻraning yoniga oltita qizil sallaligidan qoʻyasanlar. Bizga uch yulduzligi ham teshib chiqmaydi. Uchtasini billalashib ichamiz. Uchtasini shahardagi birodarlarimga olib ketaman.

-Yaxshi,-dedi Sultonali bu shartga koʻnib.- eplolmasang, ikki hissa qilib qaytarasan.

-Bunaqa shart qoʻyadigan boʻlsang, problemaning oʻta muhimligini inobatga olib, menam shart qoʻyaman: ikkita problemangni yechib berganim uchun ikkita osh, oʻn ikkita qizil sallali boʻladi.

-Biz-ku ikkita emas, yigirmata oshni ham eplaymiz,-dedi Nurali.- Sen nimangga ishonib shartlashyapsan? Oshni bitingga qilib berasanmi? Choʻntaging teshik boʻlsa, shu turishingda oʻzingni birov bir tangaga olmasa.

-Men raz* aytdimmi, gapimga otvechat* qilaman. Qani, qoʻlni tashla.

Shunday deb Sultonaliga qoʻl uzatgan edi, u yuzini burdi:

-Men ertalab tahorat qilganman. Sen tahoratni buzasan. Ana, Nurali bilan qoʻl tashlashaver.

Shartning bajarilishiga ishonmasa ham, Nurali qoʻl uzatdi. Tursunali polvonning taqdiri hal boʻlayotgan pallada Sobitali bilan Qambarali «prezidium» deb ataluvchi taxt vazifasini bajarishi lozim boʻlgan ogʻir stolni olib kelishdi. Bu stol avval kolxoz klubida savlat toʻkib turardi. Klub ta’mirlanib, anjomlar oʻzgargach, Tursunali polvon «koʻp majlislarga guvoh boʻlgan tabarruk stol», deb qishlogʻi ixtiyoriga yozdirib olgan edi. Bu stolga Teshaboy ham orzumand edi-ku, ammo gʻaflat bosib kech qolgandi. Shunga qaramasdan, qishlogʻida majlis oʻtkazadigan boʻlsa, oshnasidan stolni berib turishni iltimos qilardi. Bu iltimos Tursunali polvonni gʻoyat mamnun qilardi. Stol qoʻlga tekkanda dastlab oʻzining ayvonida turardi. Keyin «odamlar kolxoz stolini oʻziniki qilib oldi» deb gap tarqatmasinlar, degan oʻyda uni qishloqning etagida turuvchi Shirinalikiga olib borib qoʻydirdi. Aslida esa... Teshaboy stolni birinchi marta soʻraganida yaqingina yerdan olib chiqib ketaverishi gʻashini keltirgandi. Ana endi stolni uzoqdan tashib kelishlarini koʻrsa, yanada rohatlanadi. Biroq, Qambaralining bu boradagi azobi bilan ishi yoʻq.

Stol doim turadigan joyga qoʻyilgach, Sobitali «uf» tortib, peshonasidagi terni kafti bilan artdi:

-Boʻldi, bizdi plan bajarildi, enangni haqqiyam qolmadi. Chalasi boʻlsa, anavilar qilib qoʻyishadi. Endi yur, Batka chiqqunicha televizoringni koʻrib qoʻyay.

Sobitalini endi ming yalinib boʻlsa-da, ishga sololmasligini tushungan Qambarali yon bosdi:

-Sen kiraver. Xotinimga aytsang, koʻrsatadi.

-Nimani koʻrsatadi?

-Televizor qaerda turganini.

-Televizoring qaerda turishini oʻzim ham bilaman. Sen...

Koʻcha eshigi ochilib, Tursunali polvon chiqib keldi-yu Sobitali gapini tugatolmadi. Qambarali ham shoshib qoldi.

-Haligi-chi?..- Sobitali tomogʻiga chertib, ishora qildi.

Qambarali «kiraver, aytsang boʻldi», dedi-da, Tursunali polvonga peshvoz chiqdi:

-Batka, hammasi shay.

-Pionerlar kelishadimi?-Tursunali polvon shunday deb yigʻilganlarga ma’nodor qarab qoʻydi.
— Qizimdan ayttirvordim. Tochna bilaman, kelishadi.

Nobel Mukofoti

Yigʻilganlar Tursunali polvon bilan koʻrishayotgan paytda Turgʻunali Sobitali tomon ilhaq boʻlib qaradi-yu najotdan darak beruvchi ishorani koʻriboq oʻsha tomon yoʻrgʻalab qoldi. Salom-alik bilan ovora boʻlganlar ikki ulfatning qayga gʻoyib boʻlishganini bilmay ham qolishdi.
— Ha, keldilaringmi?-dedi Tursunali polvon salomlariga alik olgach. Keyin Qambaraliga savol nazari bilan qaradi:- Bahromali qani? Qolganlari qani?

-Tomsuvoqqa loy agʻdarayotgan ekan, yuvinib-taranib hozir kelib qoladi. Boshqalar ham «albatta boramiz, Batkaning majlisini sogʻindik», deb va’da berishgan.

-Boshqalar-ku, kelib qolishar. Omma Bahromaling majlis tugashiga yetib keladi. Bu imijiqning yurishini koʻrgan odam asti erkak demaydi. Bu lavashang xotinining ustida ham uxlab qolsa kerak. Buning yoshida odamlarning xotini ikki martalab giroy boʻlyapti. Boʻyinturugʻidan tortib boshlab kelishing kerak edi.

-Loyda ekan-da.

-Seni enang chala tuqqan, ishlaring ham chala. Boʻpti, oʻtirlaring, boshlayveramiz. Ha, shoir bola, seni qaysi tentak shamol uchirdi?

Oʻziga alohida e’tibor ajratilishini kutib chetroqda turgan Shoirali yugurib keldi:

-Assomaykum,polvonlar ichra polvon togʻajon!-deb quchoqlamoqchi edi, Tursunali unga qoʻl uzatdi:

-Kitobni chiqarib keldingmi?
— Chiqay deb turibdi.

-Qizil qor yoqqunicha chiqib qolar,-dedi Sultonali unga izoh berib.- Shaxsan korrespondent rektor Ermatov va’da qilibdi.

Tursunali polvon bu pichingni anglamadi:

-Mendan olgan uch yuz soʻmni oʻshanga berdingmi?-deb soʻradi soddalik bilan.

Bu savolni kutmagan Shoirali kalovlanib qoldi. Sultonaliga havotir bilan qarab oldi-da, sir boy bermaslikka harakat qildi:

-Berdim, togʻa. Shundan soʻng ish sal yurishdi-da. Kitob chiqaradiganlar bekorga yurmaydigan boʻlib qolishgan-da.

-Ha, durust. Lekin pulni olganligi haqida Ermatovingdan tilxat keltirib berishing kerak. Bilib qoʻy bola, shu ikki-uch oy ichida kitobni chiqarmasang, bu qishloqda qorangni koʻrsatma. Bu rayondan shaharga borib shoirlik qiladiganlardan yana bormi?

-Bittagina menman, togʻa. Yana mayda-chuyda shoirchalar bor-u, omma ular mestniy* shoirlar. Shaharda shoirlik qilish osonmas.
— Batka, bu goʻsxoʻr rayonimizning faxri emishmi?-dedi Sultonali. Tursunali polvon uning bu gapiga e’tibor bermadi:

-Oblastda nechta?-deb soʻradi Shoiralidan.

-Bir-ikkita uchrab qolgani bilan birov tan olmaydi, ular ham mestniy.

-Kitoblari chiqqanmi?

-Ha, endi... shapaloqdekkina chiqqan. Kitob deyishga ham arzimaydi.

-Seniki ikki toʻmlik boʻladimi?

Sultonalining avzoyi buzilib, bir nima demoqchi boʻldi-yu Tursunali polvonni uylantirish boʻyicha bergan va’dasi buzilmasin, deb indamadi. Boshqalar ham jim turaverishdi. Bundan ruhlangan Shoirali tormozi yoʻq yolgʻon mashinasini yeldek uchirib ketaverdi.

-Shunaqa va’dalari bor.

-Menga qara, Nobel mukofoti bor ekan-a? Kecha televizorda aytdi, bir yozuvchi olibdi. Bu qanaqa mukofot oʻzi?

-Bumi?-Shoirali «rostdan bilmaydimi yo sinash uchun soʻrayaptimi?» degan oʻyda picha sukut saqlab, soʻng gapni olib qochishda davom etdi:- Bu - mukofotlarning oʻgʻil bolasi. Naq xoʻrozi deyish ham mumkin. Dunyoda bundan zoʻrrogʻi yoʻq.

-Shoirlarga ham beradimi?
— Beradi, nima edi?

-Sen... oʻsha mukofotni ololasanmi?

Bu qaltis savolga javob berishning oqibati chatoq boʻlishini sezgan Shoirali Sultonaliga havotir bilan qarab qoʻydi-da, Tursunalini sal chetga boshladi:

-Olishga davno* olardim-u qoʻl sal kaltalik qilib turibdi, picha xarajati bor-da.

-Bunga ham xarajatmi? Avval kelganingda Lenin mukofoti oladiganman, chiqimi bor ekan, deb yulib ketuvding. Mukofot qani? Oʻsha pulning atcheti* qani?

-Oʻrtada turgan odam nomardlik qildi. Pulni yeb Maskovga qochvordi. Hozir milisa uni qidiryapti. Bu tomonidan ishni pishirib qoʻyganman. Mukofot kelgusi yili, albatta boʻladi.

-Oladigan boʻlsang, pulini oʻzing yeb ketovurgin-u medalini qishloqqa topshir. Atrofda doʻst-dushman bor.

-Albatta-da! Mening butun oʻy-xayolim qishlogʻimiz obroʻyini butun jahon boʻylab taratish-da. Ikki toʻmligim chiqishini amerikalik shoirlar ham kutib turishibdi. Srazu* amerikacha tilga oʻgirvorishadigan. «Sherbilak qishlogʻi» deganda hali butun dunyo ta’zim qilib turadi. Sherqoʻziliklar esa soyning u betida emaklab yuradigan boʻlib qolishadi. Batka, nima qilay, Nobel mukofotiga harakat qilaveraymi?

Shoiralining qiligʻiga toqat qilolmagan Sultonali ularga yaqin kelib, gaplariga quloq tutdi. Unga orqa qilib turgani sababli Shoirali sezmadi, Tursunali polvon koʻrsa ham ahamiyat bermadi.

-Xarajati qancha ekan?-deb soʻradi u Shoiralining qarmogʻiga ilinib turganini fahmlamay.

-Mingning atrofida...

Shoirali shunday deyishga dedi-yu «koʻproq aytvormadimmi?» degan havotirda polvon togʻasiga qarab qoʻydi. Ayni damda Tursunali polvonni soʻralayotgan pulning kam yoki koʻpligi emas, qishlogʻining obroʻ-e’tibori koʻproq qiziqtirib turardi.

-Oʻrtada turadiganing pishiqmi? Pulni yeb qochvormaydimi?

-Chto siz*, Batka? Bu xalqaro masala-ya!

-Mukofotga beradigan puli qancha?

-Bir-ikki ming bor. Xarajatga kuyib qolmaymiz.

-Gap shu: bu yilgi uzumning pulidan beraman. Omma yeb ketarga emas. Mukofotni olganingdan keyin tiyin-tiyinigacha qaytarasan.

-Ie, mukofot menga kerak emas, Batka. Qishloqning obroʻyi-ku!

-Qishloq senga koʻp chiqim qildi, bola. Senam qishloqning obroʻyi uchun bir chiqim qilsang qipsan.

Sirli suhbat shu yerga kelganida Sultonali chidolmay gapga aralashdi:

-Toʻgʻri aytasiz, Batka. Shuncha pulni bitta eshakka sarf qilganingizda, shu eshshak kam deganda tsirkning guli boʻlib ketardi.

Yonida togʻdek suyanchiq turganidan ruhlangan Shoirali uni jerkib berishga jur’at qildi:

-E, sen nari tur, siyosiy masalaga burningni tiqma.

-Xoʻp, sen endi boraver. Ha, aytmoqchi, bollaring koʻpaydimi?

-Yoʻq, Batka, oʻgʻil bola bir soʻzli boʻladi, bilasiz-ku?

-Ha, oʻgʻil bola, hali ham hisob biru nol xotinning foydasigami?-deb piching qildi Sultonali.

-Shaharga koʻchib ketganing bir tomondan durust boʻlgan,-dedi Tursunali polvon bosh chayqab.- Erkak nomini ham isnodlarga qoldirding. Hatto otangga ham oʻxsholmading-a? Uchta boladayoq otang bechoraning beli chiqib ketuvdi. Asli senlarning palaklaring buzuq. Xotining qiz tugʻib toʻgʻri qilibdi. Sendaqa oʻgʻildan zurriyot qolmagani yaxshi.

-Unaqa demang, togʻa. Birinchi xotindan ham bitta bola bor. Bultur Yaltaga borib keluvdim, bu yil menga oʻxshagan bollar tugʻilayotganmish.

Tursunali polvonga bu hazil yoqmay, peshonasini tirishtirdi-da:

-Aynima, sen bola! Bor endi, bizga halaqit berma,- deb prezidium tomon yurdi. Shoirali unga ergashdi:

-Menam qatnashaman. Shaharlik shoir ishtirok etsa, majlisning nufuzi oshadi.

«Ekstrenniy Majlis»

-Batka, xoʻp deng. Qatnashaversin, majlisdan keyin ogʻziga bittadan tupurib qoʻysak, zora bizdan yuqib, erkaklar qatoriga qoʻshilib qolsa,-dedi Nurali.

-Bu gaping ham toʻgʻri. Qani, boʻldi, hammang oʻtirlaring. Boshlaymiz,-shunday deb stolga yaqinlashdi-da, uyidan olib chiqqan qogʻozlarni titkiladi.- Qambarali, beri kel. Manavilari senga,-Qambarali qogʻozlarni olib, hamma joy-joyiga oʻtirgach, Tursunali polvon koʻksidagi nishonlarni toʻgʻrilagan boʻldi-da, majlisni boshladi:- Xoʻ-oʻsh... Hurmatlu oʻrtoqlar. Sherbilak qishlogʻi erkaklarining ekstrenniy majlisini boshlaymiz. Majlisga taklif qilinganlar asosan kelishdi. Bitta ivirsigani hozir kelib qolar. Oʻzi bu bolaning urugʻi ivirsigan. Onasi uni salkam oʻn oy deganda tuqqan. Otasi ham ivirsigan edi. Bahorda shamollasa, kuzga borib aksa urardi. Xoʻ-oʻsh... majlisni boshlash haqida kimda qanday taklif bor?

-Kvota* bor. Majlis boshlansin,-deb taklif kiritdi Qambarali oʻtirgan yerida qoʻl koʻtarib.

-Xoʻ-oʻsh oʻrtoqlar, majlis boshlansin, degan taklif tushdi. Kim taklif qabul qilinsin, desa, qoʻl koʻtarib, ovoz bersin.

Shoirali bilan Qambarali qoʻl koʻtaradi, Nurali, Mirali va Sultonali loqayd holda oʻtiraverishdi. Tursunalining bu bilan ishi yoʻq, qogʻozdan bosh koʻtarmay majlisni davom ettirdi:

-Kim qarshi? Yoʻq. Betaraf? Yoʻq. Demak, bir ovozdan qabul qilindi. Xoʻ-oʻsh. Oʻrtoqlar, endi majlisni olib borish uchun prezidium saylashimiz kerak. Kimda qanday taklif bor?

-Menda,-Qambarali oʻrnidan turib qoʻlidagi qogʻozga qaraganicha takliflarini ayta boshladi:-Qadrli oʻrtoqlar, menda ikkita taklif bor. Birinchisi - faxriy prezidium. Men oʻrtoq Chernenko boshchiligidagi tseka kepeeses politbuyrosini* faxriy prezidiumga saylashni taklif qilaman.

Tursunali polvon qogʻozdan bosh koʻtarmaganicha chapak chaldi, yigʻilganlar unga qoʻshilishmasa ham e’tibor bermadi:

-Xoʻ-oʻsh, oʻrtoqlar, davomli qarsaklaringiz taklifning bir ovozdan qabul qilinishiga dalolat boʻla oladi. Majlis oxirida oʻrtoq Chernenko boshchiligidagi politbuyroga tabrik xati yuboramiz.

-Tursunali togʻa, shu yerda picha toʻxtang,-dedi Shoirali oʻrnidan turib.- Chernenko deganingiz koʻkarib chiqqaniga ancha boʻldi-ku?

-Batka, Chernenko oʻlganidan keyin kattamiz Gorbachev-ku?-deb uni quvvatladi Sultonali.

-Rosayam orqada qolib ketibsizlar. Eshitmadilaringmi: «mamlakat boʻylab qilar yurish - Misha, Raya va qayta qurish!»-Shoirali shunday deb oʻzining gapidan oʻzi huzurlanib kuldi. Bu baytning ruschasini eshitmagan majlis ahli oʻzbekcha ma’nosiga uncha tushunmadi. Shu bois shoirning ma’nodor kulishi bepoyon choʻlda bir chirillab qoʻygan chirildoqning ovozi kabi tezgina soʻndi.

Bu tanbehdan achchiqlangan Tursunali polvon Qambaraliga oʻqrayib qaradi:

-Buyoqqa kel-chi, sen nima baloni oʻqiding? Chernenkoning oʻlganini eshitmaganmiding, galvars?

-Eshitganman-u... omma siz bergan qogʻoz eski ekan-da, oʻylamay oʻqiyveribman,-dedi Qambarali. Keyin qogʻozlarini titib, keraklisini topdi:- Ha, mana, yangisi bu yerda ekan. Bunisini tashlab yubora qolayinmi?

-Tashlama,-dedi Tursunali polvon jerkib.- Tarix uchun kerak boʻladi. Chernenko davrida ham majlis qilganmiz-ku? Alohida tikib qoʻy,-Qambarali joyiga qaytgach, Tursunali polvon rasmiy ohangda majlisni davom ettirdi:- Xoʻ-oʻsh, prizdum haqida kimda qanaqa taklif bor?

-Menda!- yugurish musobaqasiga chiqqanday Shoirali bilan Qambarali baravariga oʻrinlardin turdilar:

-Joyingga oʻtir. Senga mumkin emas, propiskang shaharda,-dedi Tursunali polvon qogʻozdan koʻz olishga majbur etgan Shoiraliga norozi qiyofada boqib.

Shoirali esa huddi uning e’tirozini eshitmaganday baralla ovozda xitob qildi:

-Hurmatlu ahli majlis! Men hammamiz uchun hurmatlu boʻlgan Mixail Sergeevich Gorbachev va Raisa Maksimovna Gorbacheva boshchiligidagi politbyuro a’zolarini majlisning faxriy prezidiumiga saylamoqlikni koʻtarinki ruhda taklif etaman!

Shunday deb astoydil chapak chalib yubordi. Tursunali polvon bilan Qambarali beihtiyor unga qoʻshildilar.

-Ancha kallali boʻlib qolibsan, durust,-dedi Tursunali polvon uni alqab.

Bu maqtovdan ruhlangan Shoirali yana bir taklif kiritdi:

-Majlisning xalqaro nufuzini oshirmoq maqsadida faxriy prezidiumga Amerika prezidenti mister Ronald Reygan va Angliya Bosh ministri miss Margaret Tetcher xonimni ham taklif etaman.
— Bunisi ortiqcha,-dedi Tursunali polvon qat’iy tarzda.- Siyosiy majlisga kapitalistlarni aralashtirma.

-Axir majlisning xalqaro ahamiyati bor,-dedi Shoirali boʻsh kelmay. Fikrining isboti uchun esa izoh berishni lozim topdi:- Shunda majlis qarorini Birlashgan Millatlar Tashkilotiga yuborish ham mumkin boʻladi.

-Boʻldi, oʻtir, mahmadanalik qilma,-dedi Tursunali polvon gapni kesib.- Bunaqa masalalarni avval raykom bilan kelishish kerak. Oʻtir, deyapman senga! Qambar! Nimaga lallayasan, tur, gapir gapingni!

-¤rtoqlar, men majlisni olib boruvchi ishchi prezidium saylashni taklif etaman. Majlis raisligiga urush va mehnat veterani Tursunali Eshonalievni, kotibligiga Qambarali Zikiralievni.

Tursunali yana qogʻozga tikilganicha majlisni davom ettirdi:

-Ovozga qoʻyaman: kim za*? Kim qarshi? Kim betaraf? Taklif bir ovozdan taklif qilindi. Saylangan oʻrtoqlarni oʻz joylarini egallashlarini soʻrayman,- Qambarali alohida lutf kutmay yuqoriga chiqib oʻtirgach, majlis oʻz qolipidan chiqmay davom etdi:- Endi kun tartibini belgilaymiz: asosiy masala bitta - «Kommunizm uchun kurashda Sherbilak erkaklarining sustkashligi va unga qarshi kurash choralari». Kimda qoʻshimcha taklif bor? Taklif yoʻq. Qambarali, yozib qoʻy, kun tartibi bir ovozdan tasdiqlandi.

-Reglamentni ham belgilash kerak,- deb luqma tashladi Shoirali. «Reglament» soʻzi Tursunali polvonning qulogʻiga «Reygan» boʻlib eshitilib, yana tutoqib ketdi:

-Majlisga kapitalistlarni aralashtirma, dedim. Regan-peganingni shaharda saylayver. Qambar, gapir.

-Dakalat uchun soʻz qishlogʻimizning faxri, urush veterani, oʻn ikki bolaning otasi, bir ming toʻqqiz yuz ellik sakkizinchi yildagi rayon partiya konferentsiyasining delegati, oʻrtoq Tursunali Eshonalievga.

Qambarali tantanali ravishda shunday e’lon qilgach, chapak chaldi. Tursunali polvon oʻrnidan turib, nishonlarini silab olgunicha ham chapakni tindirmadi. Qarsagiga hamkorlik qilmayotgan hamqishloqlariga norozi qarab qoʻyishni ham unutmadi. Tursunali polvon qaddini gʻoz tutib oʻtirganlarga magʻrur ravishda qarab olgach, qogʻozga tikilganicha nutq boshladi:

-Butun sovet xalqi yelkama-elka turib bashariyatning porloq kelajagini qurish uchun kurash olib borayotgan hozirgi paytda, kolxozimizning yem-xashak tayyorlash boʻyicha rayonda orqada qolayotgani naq pozordir, oʻrtoqlar.

Shu yerga kelganda Tursunali polvon nimani oʻqiyotganini anglab yetib, qogʻozdan bosh koʻtardi-da, Qambaraliga gʻazab bilan qaradi. Qambarali «men bilmasam…» deganday yelka qisdi. Tursunali polvon esa qogʻozlarni qaytadan qarab chiqa boshladi. Nima gapligini bilib tursa ham Shoiralining qitmirligi tutib, luqma tashladi:

-Erkaklar masalasiga yem-xashakning nima daxli bor?

-Juda daxli borda,-dedi Sultonali.- Em-xashakni qoʻy yeydimi? Semiradimi? Soʻyiladimi? Goʻshtini erkaklar yeydimi? Belga quvvatmi? Batka, tanqidni juda toʻgʻri boshladingiz. Yem-xashak plani bajarilmasa, qishloqda xotinlarning tugʻishi keskin kamayib ketadi. Sherqoʻziliklar besh yilga yetadigan xashakni gʻamlab qoʻyishibdi, ularning ishi besh. Shuning uchun ham ularning xotini uchtadan tugʻib yotibdi.

Qogʻozlari orasidan keraklisini topa olmay xunob boʻlayotgan Tursunali polvonga keyingi gap yoqmay, Sultonaliga gʻazab bilan qaradi:

-Sen tek oʻtir, mahmadana,-deb baqirdi.- Hali muzokara boshlanmadi. Avval men dakalatimni tugatib olay, soʻng sen sayraysan.

Harchand urinmasin, qogʻozlar orasidan keragini topa olmay, jahl bilan nari surdi:

-Xoʻ-oʻsh. Gapning poʻskallasi shunday: bugun anavilar,- shunday deb qoʻshni qishloq tomon imladi,- giroy xotinlar masalasida bizga yetib olishibdi. Mendagi danniylarga* qaraganda besh oydan keyin Boltavoyning xotini oʻninchisini tugʻsa, giroylik boʻyicha bizdan oʻzib ketadi. Oʻshandan keyinam senlar «erkakman», deb qishloqda bosh koʻtarib yurasanlarmi? Mardi-maydon paxtakorlarimiz ob-havo qiyinchiliklarini yengib, sotsialistik majburiyatlarini bajarayotgan shu dolzarb pallada senlar nima uchun erkaklik planini bajarmaysanlar?

-Bajaryapmiz-ku, togʻa. Bollardi yettitaga yetkazib qoʻydik,-dedi Sultonali gʻurur bilan.- Endi toʻxtash yoʻq. Men xotinga aytdim: giroy boʻlmasang, yetti taloqsan, dedim.

-Sen-chi, Nurali?-deb soʻradi Tursunali polvon

-Biz... oʻylayapiz.

-Oʻylayapmiz? Nimani oʻylaysan? Shu oʻylaydigan ish ekanmi? Sen bola, oʻylaydigan boʻlsang kunduzi oʻylayvergin-u, omma kechasi ishingdan qolma.

-Batka, biz giroylikka yetib borolmasak kerak,-dedi Nurali chorasiz odamning ovozi bilan.

Bu gapni eshitib Tursunali polvon tutab ketayozdi:

-Nima deding? Qani, sen mijgʻov, bi-ir oʻrningdan tur-chi! Toʻgʻrisini aytaver, nimaga giroylikka yetib borolmaysan?

-Xudo bergan bu bollarni avval tarbiyalab, katta qilib olaylik, ilm beraylik.

-Malades!-deb uni quvvatladi Shoirali.- Fikring juda toʻgʻri: sonni koʻpaytirishdan nima foyda bor? Masala - sifatda!

Tursunali gʻazabli nigohini Shoiraliga qadadi:

-Sen mahmadana tek oʻtirsang oʻtirding, boʻlmasa, majlisdan haydab chiqaraman,-bu tahdid qanday ta’sir etganini kutmay Nuraliga qaradi:- Qani ayting-chi, mulla yigit, bolangiz oltita boʻlsa oʻqitasiz-u oʻnta boʻlsa oʻqitolmaysizmi?

Hozirgi tahdiddan toʻgʻri xulosa chiqarib olmagan Shoirali yana gapga qoʻshildi:

-Batka, masalani bu tarzda qoʻyish siyosiy xato. Mana, oʻrtoq Leninning farzandi boʻlmagan.

-Sen oʻzingni Leninga tenglashtirma. Lenin revolyutsiya qilaman, deb kechalari xotin bilan gaplashishga fursati boʻlmagan. Bu - bir. Lenin - barchamizning otamiz, bu - ikki. Shaxsan men oʻrtoq Leninni otam deganman.

-Omma, Batka gapga ham toʻn kiygʻizvorasiz-da!-dedi Sultonali.- Agar bu gapingiz hozir u dunyodagi otangizning qulogʻiga yetib borsa, onangizni topib, quvib qolar, «Sen la’nati Lenin bilan qachon topishgan eding!» deb.

Birovni «ota» deyishning bunaqa mashmashasi borligini kutmagan Tursunali polvon luqmaga javob topolmay, stolga mushtlab baqirish bilan ularni yengmoqchi boʻldi:

-Jim boʻllaring!-Buyruq ijro etilib, hamma tinchigach, yana Nuraliga qaradi:- Sen ayt: nima uchun xotining giroy boʻlolmaydi?

-Toʻgʻrisini aytaymi?

-Ayt.
— Toʻgʻrisi...-Nurali ogʻir dardini oshkor qilishga qiynalib, chaynalganday boʻldi,- bahorda buyragimni shamollatuvdim. Oʻshanda ichgan dorilarim kuchlilik qilib, pushtim kuyib ketibdi. Endi mendan bola boʻlmasakan.

-Shunaqa degin... Yaxshi. Sen menga oʻsha dono doʻxtiringning qogʻozini olib kelasan.

Nurali Tursunali polvonning zugʻumidan qutilish chorasini izlayotganda bahonasiga javoban shunday topshiriq boʻlajagini hisobga olgandi. Uning nazarida doktordan qogʻoz olishning murakkabligi yoʻq edi. Quling oʻrgulsin bir sovgʻa evaziga doktordan istagan qogʻozni yozdirib olish mumkinligini bilmas ekanmi? Shu bois ham dadil javob berdi:

-Olib kelaman.

-Agar rostadanam pushting kuygan boʻlsa, xotiningni qoʻyasan, bola.

Bunday hukmni kutmagan Nurali angrayib qolayozdi. Tursunali polvon sovgʻa evaziga qogʻoz yozib beruvchi doktor emas. Uning hukmi bilan hazillashib boʻlmasligini bilgani uchun ham bu safar ovozida qat’iylik sezilmadi:

-Nega qoʻyarkanman?

-Xotiningning nasli toza. U giroy boʻladigan zotdan. Uni boshqa birovga ikkinchi xotin qilib boʻlsa ham olib beraman. Yana toʻrttani tugʻib giroy boʻlganidan keyin, istasang, qaytib olaverasan.

-Togʻa, gap deb gapiraverasizmi!-dedi Nurali alam oʻtida yonib.- Izzatingizni ham biling-da! Hamma narsaning chegarasi boʻladi.

-Ha, bilar ekansan, chegara bor. Sening chegarang - xotinni giroy qilish. U yogʻiga oʻtma, mayli.

-Plan - xotinni giroy qilish, u yogʻi sotsialistik majburiyat,-dedi Sultonali kulib.

-Oʻlib ketarkanmizda plan deb,-dedi Mirali «uf» tortib.

-Hamma oʻlib ketsa ham, siz oʻlmaysiz, Miraliboy,-dedi Tursunali unga qarab.- Qani, boyvachcha, oʻrinlaridan bir turib yuborsinlar-chi! Xoʻsh, oʻtgan haftada er-xotin nimaga Toshkanga bordilaring?

-Qarindosh-urugʻlarni koʻrgani...

-Toshkanda qarindoshing bor ekanmi, a? Qarindoshing abort qiladigan xotindoʻxtir ekanda, a?

-Unaqa demang-e!-Mirali shunday deb yuzini burdi.

-Sen nima deb yuribsan, bola! Qishloqdan chiqib olsam bas, nimani xohlasam shuni qilaman, birov bilmaydi, deb oʻylaysanmi? Oʻ, bola, sen bir mishiqisan, bilib qoʻy. Biz ming kelametr* berida ham Gitlerning nima qilayotganini bilib turardik.

-Majlis ahlidan yana bir dalilga e’tibor berishlarini soʻrayman,-dedi Shoirali.-Gitlerning ham bolasi boʻlmagan.

-U haromidan bola qolmagani ham durust, sen tek oʻtiraver bola,-Shoiraliga tanbeh bergach, Tursunali polvon yana Miralini nishonga oldi:- Menda tochna danniylar bor. Aslida men seni toshboʻron qildirib, oʻldirvorishim kerak. Qonga - qon, jonga -jon! Bilib qoʻy, bola, sen jallodsan! Xotiningga gapim yoʻq, u bir qoʻy, sen yetaklagansan, u boravergan.

-Polvon togʻa, bunaqa gap xayolimizga ham kelmagan, kimdan eshitdingiz?

-Rost aytyapsanmi?
— Xudo ursin, shunaqa boʻlsa.

-Qasam ichma, bola,- Tursunali polvon yon daftarchasini chiqarib, koʻzdan kechirdi.-Agar aldamayotgan boʻlsang, oʻn toʻrtinchi fevralda sakkizinchi bolang tugʻilishi kerak. Bilib qoʻy, hammasi menda uchetda*.

-Bilamiz. Yaqinda toʻshagimiz tagiga ham uchetchik* qoʻyib qoʻyasiz.
— Kerak boʻlsa, qoʻyaveraman. Qani, bir qadam nari-beri bosib koʻrlaring-chi!

Sultonali Miralini hujumdan asrash uchun luqma tashladi:

-Batka, agar sherqoʻziliklar oʻzib ketishadigan boʻlsa, chorasini topish kerak.

-Chora yoʻq...-Tursunali polvon shunday deb xoʻrsindi. Suhbat mavzuidan bexabar odam hozir uning chehrasiga qarasa, dunyoning butun dardi-hasrati shu cholning yelkasida ekan-da, deb achinishi ham mumkin. Voqean shunday. Tursunalining alhol bundan boʻlak tashvishi yoʻq. Chorasizlikdan yuragi ezilgan Tursunali polvonning ovozi ham birdan oʻzgardi:- Ikki-uch yil ular birinchi boʻlishadi. Shunaqa paytda oʻlib qolsam, koʻzim ochiq ketadi...

Qambarali qoʻl koʻtarib, oʻrnidan turdi:

-Batka, taklif bor.

-Joʻyali boʻlsa, aytovur.

-Biz siyosatdan orqada qolyapmiz. Oʻrtoq Gorbachev qayta quringlar, deyaptilar. Qayta quryapmizmi? Jadallashtirish deyaptilar, jadallashtiryapmizmi? Men xotinlarning tugʻishini tezlatishni taklif qilaman. Ularga toʻqqiz oyda emas, yetti oyda tugʻish sotsialistik majburiyatini yuklatish kerak.

-Hoy, Qambar, jinni boʻlganmisan?-Nurali shunday deb baqirib, oʻrnidan beixtiyor turib ketdi.

-Jinni boʻlganim yoʻq. Hammasi hisobli, bir yarim yilda ikkita bola. Uch yilda toʻrtta. Anavilar,- shunday deb koʻrsatgich barmogʻi bilan qoʻshni qishloqni koʻrsatdi,- qiyomatda ham bizga yetolmaydigan boʻlishadi, bu - bir. Bu yil turmush qurgan yoshlarimiz sakkiz yildayoq giroy boʻlishadi, bu - ikki. Soyuz boʻyicha eng yosh giroylar bizning qishloqdan chiqadi, bu - uch. Tugʻishni jadallashtirish boʻyicha vsesoyuzniy* malaka oshirish instituti bizning qishloqda ochiladi, bu - toʻrt.

-Sen gʻirt ahmoqsan, bu – besh,- dedi Nurali keyin Tursunali polvonga yuzlandi:- Batka, majlis aynidi. Bu toʻtingizning ovozini oʻchiring. Boʻlmasa naq jagʻini yorvoraman.

-Ie, hali shunaqa zoʻr boʻpketdingizmi? Hali meni ham yorvorarsiz, a?-dedi Tursunali polvon unga gʻazab bilan tikilib.

-Togʻajon, jon togʻajon, Qambarali yomon taklif aytmadi,-dedi Sultonali vaziyatni yumshatishga urinib:- Jadallashtirish bizga ham yaxshi. Bu tashvishdan tezroq qutulamiz. Omma bu ishning bir chatoq yeri bor-da: agar jadallashsa, koʻrmi, choʻloqmi, xullas, qingʻir-qiyshiq bolalar tugʻilaveradi. Invalid bolalar koʻpayib ketsa, qishloqqa isnod-ku! Anavilar «choʻloq qishloq» deb laqab taqashdan ham qaytishmas.
— Bekorlarni aytibsan. Men olti oylikda tugʻilganman. Koʻrmanmi yo choʻloqmanmi?
— Batka, sizning zotingiz toza. Bir oylikda tugʻilsangiz ham shunaqa malades boʻlib yurardingiz. Bizlarning iligimiz puch.

-Batka, siz tugʻilgan zamonda havo toza edi,-deb gapga qoʻshildi Shoirali.- Hamma yangi soʻyilgan qoʻy goʻshti yerdi. Hozir hammayoq ximizatsiya. Qishloqqa kelib ketganimdan keyin bir hafta burnim oqib, badanim qichishib yuradi.

-Endi sen qishloqqa butunlay kelma, boʻlmasa qichima bilan oʻlib ketasan,-dedi Sultonali.

-Tek! Tek boʻllaring!-deb Tursunali polvon ularni tartibga chaqirdi.-Bu taklifni doʻxturlar bilan maslaxatlashib, keyin qabul qilamiz.

-Batka, bir taklif bor, omma sizni qoyil qoldiradigan taklif. Aytaveraymi?-deb izn soʻradi Sultonali.

-Ayt.

-Anavilarni yengishning ikkita yoʻli bor. Biri - maktab direktoriga uylanish.
— Nima deding?
— Direktor sakkizta bola bilan beva qolgan. Omma oʻzi mayizdekkina.

-U sherqoʻzilik-ku?

-Ha, oʻzi sherqoʻzilik. Lekin maktab bizning territoriyada-ku*? Direktorlik qilaman, desa sherbilaklikka tegishga majbur. Bizdagi maktabga nega endi boshqa qishloqdan kelib direktor boʻlarkan?

-Sakkizta bolasi bilan uni kim olardi?-dedi Qambarali.

-Oladigan mard topilmasa, mana biz nomard boʻlsak ham, olaveramiz. Ikkita xotinni birdaniga giroy qilmasam yurgan ekanman, belda belbogʻim bor, deb.

-Taklifing durust, omma bu ishga oʻzingni roʻpara qilma. Sen bittasini evlab turavergin-chi. Unga boshqa odam topamiz-,-dedi Tursunali polvon.

-Erga tegmayman, deb turib olsa-chi?-dedi Qambarali masalani murakkablashtirishga intilib. Tursunali polvon esa bu murakkab masalani osongina yechib bera qoldi:

-Tegmasa, ishdan boʻshaydi. Maktab bizning qishloqdami, demak, direktor ham shu qishloqlik boʻlishi shart.

-Batka, oʻzingiz ola qolmaysizmi? Sizdek polvonga, urush va mehnat veteraniga tegmasa, kimga tegadi?

Nuralining bu taklifi e’tiborsiz qolmasin, degan maqsadda Sultonali uni qoʻlladi:

-Ha, kommunist sifatida ham sizga tegishi kerak. Rayon partiya konferentsiyasining delegatiga tegsa yomonmi?

Tursunali polvon bu taklifdan oʻngʻaysizlandi. Uning-ku, uylangisi bor, faqat bular aytayotgan maktab direktoriga emas, boshqa ayolga. Lekin buni ularga aytsa kalaka qilib yurishar.

-Bu ... lichniy masala. Senlar aralashmalaring bu ishga. Ikkinchi taklifingni ayt.

-Ikkinchisi... pripiska qilish kerakmikin?..

-Qanaqa pripiska?

-Qoʻshib yozish kerak. Oʻroqboy akaning xotini uchta tuqqanda bizniki tugʻolmaydimi? Hali giroylikdan uzoqdagilarning bir kunda tugʻilgan bollarini menikigami yo Nuralinikigami qoʻshib yozdirvoramiz. Xotinlarimiz giroy boʻlib olishgach, keyin yana tugʻaverishadi. Keyin tugʻilganlarni ularga yozdiramiz. Ya’ni bolani biz nasiyaga olgan boʻlamiz. Bu yerda hech qanaqa gʻirrom boʻlmaydi.

-Aljiyapsanmi? Sen birovning bolasini boqasan, birov sening bolangni boqadimi?

-Bollarini hamma oʻzi boqadi. Biz qogʻozda rasmiylashtirib qoʻyamiz, xalos.

-Nimasiga tushunmayapsiz, batka?-dedi Nurali.- Paxtada boʻladigan gʻirromni bu yoqqa koʻchirmoqchi-da, bu tentak.

-Bu taklifing oʻtmadi, bola. Men gʻirromni yomon koʻraman. Men Oʻroqboyning bollaridan gumon qilib turibman, hali roddomga borib, tekshirib kelaman.

-Majlis majlisday boʻlsin, taklifni ovozga qoʻying,-dedi Sultonali oʻjarlik bilan.

-Qoʻymayman, oʻtmadi bu taklifing.

-Siz demokratiyani buzyapsiz!-Shoirali shunday deb haqiqat talab qilgan edi, oʻziga yarasha javobni oldi:

-Sen bola demokratiyangni enangning uyida talab qilasan. Bu yerda men raisman. Men nima desam, shu demokratiya boʻladi.

Shu payt koʻchani changitib kelgan yuk mashinasi guzarga kiraverishda toʻxtadi. Mashina tepasidagi toʻrt yigit sakrab tushdilar.

-Ha, nima olib keldilaring?-deb soʻradi Tursunali polvon ulardan.

-Taxta olib keldik. Koʻprikni kengaytirishimiz kerak ekan. Shuning ustida ertaga dakalatchi gapirarkan.

-Ertaga emas, bugun gapiradi.

-Ertaga qoldirilibdi. Bugun dakalatchi ogʻrib qolganmish.
— Haligina baloning oʻqiday edi-ku?- ajablandi Tursunali polvon.

-Oshdan keyinam yuzta otgan ekan-da, botmabdi,-deb izoh berdi ikkinchi yigit.

-Boʻpti, taxtalaringni qoʻylaring-da, boraverlaring, bu yerda majlis boʻlyapti.

-Raisning buyrugʻi nima boʻladi?

-Raisning buyrugʻini men atmenit* qildim. Ertaga kelib oʻrnatasanlar. Dakalatching ertaga oʻziga keladimi yo yoʻqmi?

-Toʻgʻri aytasiz, togʻa. Oʻqchishi menga yoqmadi. Ertaga dakalat qiladigan turqi yoʻq.

Yigitlar taxtalarni tushirib izlariga qaytishlari bilan baraban tovushi eshitildi. Dam oʻtmay bir bola bayroq koʻtarib, yana biri barabanni taraqlatib, uch qizcha kuzatuvida guzarda paydo boʻldi. Bundan quvongan Tursunali polvon ularni qarsak chalib kutib oldi. Bunday tomoshani koʻraverib zerikib ketgan majlis ahli esa oʻrnidan jilmay, beparvo kuzatdi.

-Oʻrtoqlar,-deb xitob qildi Tursunali polvon tantanavor ohangda,- bizning majlisni tabriklagani kelajagimiz boʻlgan pionerlar kelishdi. Endi soʻz jajji oʻrinbosarlarimizga.

Barabanchi bola shovqinini bas qilgach, barchalari prezidium oldida saf tortdilar.

-Biz kommunizm quruvchi yosh avlodmiz. Sizlardan oʻrnak olamiz,-dedi qizchalardan biri.

-Quvonaman, mehnatim mening, qoʻshilarkan mehnatiga respublikamning,-deb xitob qildi ikkinchisi. Uchinchisi she’riy satrga oʻtib qoʻya qoldi:
— Qishlogʻimiz faxridirsiz, Tursunali polvon

Oshavering hamisha togʻu dovon.

Nasihatlaringiz bizga dori-darmon,

Baxtimizga yuz yil yashang, boʻling omon.

-Agar shu odam yana yuz yil yashasa, sen shoʻrliklar ham enalaringni koʻrib qolasanlar,-dedi Nurali. Uning gapi yuqoridagilarga eshitilmasa ham, Sultonali «tek oʻtir» degan ma’noda turtib qoʻydi. Pionerlar esa muallimlari chizib bergan yoʻldan chiqmay, tabriklarini davom ettirishdi:

-Tursunali Eshonaliev nomidagi drujina sovetining qarori: «Sherbilak qishlogʻining faxri Tursunali Eshonaliev faxriy pionerlikka qabul etilsin!» Drujina, smirno!-dedi qizchalardan biri. Barabanchi tayoqchalarini ishga solib, shovqinni boshladi. Bayroq koʻtargan bolaning burni ayni shu damda oqib qolsa-ya! Burun degani «drujina, smirno!» degan buyruqqa itoat etmasa, bu bola bechora nima qilsin? Qizil bayroqqa artolmasa, roʻmolchasi esa uyda qolgan boʻlsa... Yengiga artib qoʻya qoldi. Uning bu ishi Miralining ziyrak nigohidan chetda qolmadi. Chunki uning oʻzi ham bolaligida bayroq koʻtarardi. Oʻshanda ham har bir majlisda Tursunali polvonni qayta-qayta faxriy pionerlikka qabul qilaverishardi. Birortalarining xayoliga «shu mashmashalar shartmi?» degan savol kelmasdi. Ajabki, hozir ham buni oʻylashmaydi. Soʻfining azon chaqirishi qanday shart boʻlsa, polvon togʻalarini faxriy pionerlikka tinimsiz ravishda qabul qilaverish ham qishloq uchun odat emas, balki qonun sifatida muhrlanib qolgan edi. Oralaridan birontalari hafsala qilib «faxriy pioner» Tursunali polvon boʻyniga bogʻlangan galstuklar sonini hisoblay olsa edi, ziyoratgohdagi chinor shoxlariga farzandtalab xotinlar bogʻlab ketadigan roʻmolchalardan yuz hissa koʻproq chiqarmidi? Yaxshiki «faxriy pioner» bu qizil boʻyinbogʻlarni sandiqqa solib yigʻmaydi, ertasigayoq galstukni maktabga qaytarib yuboradi.

Navbatdagi galstuk bogʻlanayotganda Qambarali oʻrnidan turib, chapak chala boshladi. Oʻtirganlarga «senlaram turlaring, olqishlalaring» deganday imo qildi. Ammo majlis ahlining e’tibori «hayajonli» voqea bilan band boʻlgani uchun bu imo sezilmay qoldi.

Galstuk taqib boʻlingach, barabanning taraq-turugʻi tinishi bilan Shoirali oʻtirgan yerida xitob qildi:

-Pionerlar, Sherqoʻzi qishlogʻidan oʻzib ketish uchun boʻl tayyor!
— Doim tayyor!-deb javob berishda bolalar baravariga.

Siyosiy ongi yetarli darajada baland boʻlgan Tursunali polvon bu xitob va javobdan norozi boʻlib:

-Otstavit*!-deb buyruq qildi.- Oʻrtoq Lenin ishi uchun kurashga boʻl tayyor!

-Doim tayyor!-deb baravariga xitob qilishdi bolalar. Soʻng marosimning va’dalar qismiga oʻtishdi:

-Men otam kabi suvchi boʻlishga,-dedi barabanchi bola.

-Men akam kabi traxtirchi boʻlishga,-dedi hanuz burnini eplay olmayotgan bayroq koʻtaruvchi bola.

-Men onam kabi «Qahramon ona» boʻlishga,- dedi qizchalardan biri. Shundan soʻng barchalari baravariga xitob qildilar:

-Tantanali va’da beramiz!

-Shu ketishlaringda toʻti boʻlasanlar, boshqa balo ham boʻlolmaysanlar. Hech boʻlmasa bittang oʻqib, olim boʻlaman, desang-chi!-Nurali shunday deb mingʻirlab, jahl bilan qoʻl siltadi. Sultonali yana «tek oʻtir», deb turtmoqchi edi, tabrik marosimi yakunlanganini bildiruvchi barabanning taraq-turugʻi yangrab qoldi. Bolalar guzarni tark etishlari bilan Tursunali polvon majlisni davom ettirdi:

-Aytganimday, Bahromali kelmadi. Qambarali, unga lichna oʻzing borib ayt: bollarining oʻqishlari pastlab ketibdi, oʻqituvchilar menga shikoyat qilishdi. Senlar ham quloqlaringga quyib ollaring, bollaringni bittasi «uch» olsa ham bola pulini berdirmay qoʻyaman. Giroyning bolasi hamma sohada ham giroy boʻlishi kerak. Sherbilakdan bitta akademik chiqmasa uning Sherbilakligi qayda qoldi!

-Polvon togʻa, gapirishga ruhsat eting. Axir partiya s’ezdlarida chet ellik mehmonlar ham gapirishadi-ku?-deb iltimos qildi Shoirali qoʻlini koʻtarib.
— Xoʻp gapir, faqat choʻzma.

-Hurmatlu erkak zoti oliylari, mening aziz zamondoshlarim! Savitskaya kabi fazogirlarimiz fazolarni ikki-uch martalab zabt etayotgan mahalda giroylik masalasida oqsayotganingiz kechirarli hol emas. Fashizm ustidan qozonilgan olamshumul gʻalaba haqida televizorda gap boʻlsa, mening koʻz oldimga Sherbilakning sher oʻgʻloni Tursunali polvon keladilar va mening qalbim faxr bilan tepadi. Bu yerga kelib esa giroylik masalasidagi gʻoliblikni bir mayda qishloqqa berib qoʻyayotganingizni eshitib, isnoddan yonib ketyapman. Siz kabi erkaklar hozir Everestni zabt etyapti, BAMda shijoat koʻrsatyapti, sahrolarda shaharlar quryapti. Siz esa issiqqina uyingizda oʻtirib, xotiningizni zabt eta olmayapsiz, vazifangizga mas’uliyatsizlik bilan qarayapsiz. Farzand - hayot gulidir! Bolalik uy bozor, bolasiz uy mozordir! Bola qancha koʻp boʻlsa, yurtimiz shuncha obod boʻladi. Partiya bizlarni ulugʻ zafarlarga chorlaydi!

Shoirali gapirayotganda Sultonali oʻrnidan turdi-da, birinchi marta koʻrayotganday boshdan-oyoq razm soldi. Soʻng peshonasini ushlab koʻrdi:

-Shu gaplarni bizga sen aytyapsanmi?-deb notiqning otashin nutqini shart boʻldi:- Tugʻmagan xotin homiladorga «doyaning oldida munday yotasan», deb oʻrgatarkan. Sen oldin oʻzingni evla!-shunday deb koʻkragidan asta itardi:-E, oʻtir joyingga. Batka, taklif bor: majlis yopilsin. Bizlar ham tantanali va’da beramiz: xotinlarimizni giroy qilishga doim tayyormiz!

-Ha, bu boshqa gap,-deb mamnun boʻldi Tursunali polvon.- Nurali sen-chi?

-Katta akam va’dani quyuqlashtirib yubordilar-ku, biz qayoqqa ham borardik,-dedi Nurali Sultonaliga norozi qiyofada boqib.

-Yaxshi. Omma, ogʻzaki va’dalaring menga oʻtmaydi. Qambarali yozadi, senlar qoʻl qoʻyasanlar. Xoʻp endi majlisni yopishdan oldin seka kepeesesga tabrik tilgrom yuborishimiz kerak. Qambar, oʻqi.

-«Moskva, Kreml, shaxsan oʻrtoq Gorbachevga. Yetib ma’lum boʻlsinkim, biz kim, serquyosh Oʻzbekistonning soʻlim Sherbilak qishlogʻida yashovchi ahdiga vafodor, sheryurak erkaklari Tursunali polvon raisligida majlis oʻtkazdik va qaror qildik. Sizning dono koʻrsatmalaringizga amal qilgan holda oiladagi ishlarimizni qayta quramiz va jadallashtirishga erishamiz va sovet xalqining koʻpayishiga oʻzimizning salmoqli hissamizni qoʻshamiz. Imzo: «Sherbilak» qishlogʻining oqsoqoli, «Za otvagu» medalining egasi Tursunali Eshonaliev.»

-«Tursunali Eshonaliev nomidagi drujinaning faxriy pioneri» deb ham koʻrsatilsin.

Tursunali polvon Nuralining taklifidagi piching ohangini sezsa ham, jiddiy javob berdi:

-Shart emas. Har bir soʻzga pul toʻlanadi. Ortiqcha harajatga yoʻl qoʻymayman.

-Gorbachev akamizdan bitta iltimos ham qilib qoʻyaylik,-dedi Sultonali oʻrnidan turib:- Oʻnta tuqqanga giroylik beradi-yu bu yoqdagilarga shimildiriq ham yoʻq. Seka qaror chiqarib bersin: oʻnta bolaning otasi «otets-malades» degan medal-pedal oladigan boʻlsin.

-Bu iltimosni avvalgi telgromda yuborganmiz. Picha kutaylik. Boʻpti, endi boraverlaring, majlis yopiq.

-Polvon togʻa, men saldan keyin kelaymi?-deb soʻradi Shoirali ma’nodor ohangda.

-Sen shaharga joʻnaydigan paytingda kel. Hozir pul bersam, anavi tekintomoqlaring bilan ichib, quritasan.

Armon

Sherbilak qishlogʻidagi navbatdagi majlis shu bilan yakun topib, yigʻilganlar tarqaldilar. Qambarali odati boʻyicha qogʻozlarni tartibga keltira boshladi. Tursunali polvon charchaganini his qilib, stulga oʻtirdi-da, doʻppisini stol ustiga qoʻydi.

-Majlis oʻtqazgunimcha ena sutim ogʻzimga keldi. Bularga gap uqtirish qiyin-a!-dedi «uf» tortib.- Xotini giroy boʻlsa oʻzlariga yaxshi-ku? Bolalari katta boʻlgach, kamida oʻnta toʻy koʻradi. Oʻnta quda! Hazilakam gapmi? Oʻlsa ham oʻnta bolasi qator bel bogʻlab turadi. Shoiraling oʻlsa uni kim koʻmadi-yu kim bel bogʻlab turadi. Oʻylaydimi buni ular?

-Oʻylashmaydi, buni tochna bilaman. Shoiralidan tashvish tortmang, Batka, oʻladigan boʻlsa, shaharda oʻlik koʻmadigan idora bor, oʻshalar yumaloq-yostiq qilib koʻmaverishadi.

-Unaqa dema-ya!-deb tanbeh berdi Tursunali polvon.-Qulogʻingdan boʻlsin, agar mendan keyin shaharda oʻladigan boʻlsa, qishloqqqa olib kelib, izzatini joyiga qoʻyib koʻmasanlar. Sherbilaklikning oʻligi ham shaharda xor boʻlmasligi kerak,- u shunday deb biroz sukut qildi. Keyin hazinroq ovozda gapini davom ettirdi:- Qambarali, odamlar u-bu deyishadi-yu, omma mening ham naq armonlarim bor-da. Ikkita xotin oldim-a? Ikkovi ham yaxshi edi. Menga mehribon edi. Omma bu nomardlar ishni oxiriga obormay ketvorishdi. Ha, oltitaga chidagan yana toʻrttagina tugʻ, keyin mayli, giroy boʻlib olganingdan keyin xotirjam oʻlaver. Ikkala xotinim giroy boʻlganida bu Sherqoʻzi qishloq deganing oyogʻimning changida yoʻq boʻlib ketardi.

-Ha, Batka, xotinlaringiz chistiy nomardlik qilishdi. Boʻlmasa hozir ikki martadan otets-malades boʻp yurardingiz. Anavi yerga haykalingizni ham oʻrnatardik. Ikkita xotini giroy boʻlgan erkak zoti bu dunyoda boshqa yoʻqda.

Qambaralining gapi ma’qul kelib, qoʻyilmay qolgan haykalining qanday boʻlishini koʻz oldiga keltirib oʻtirganida soyning narigi betida Teshaboy oqsoqol koʻrindi. Oshnasini koʻrsa ham koʻrmaganga olmoqchi edi, uning izidan kelayotgan yigit diqqatini tortib, sergaklandi. Ayniqsa, yigit qoʻlidagi mikrofon uni oʻrnidan turib soy tarafga yurishga majbur etdi. Tursunali polvondagi bu oʻzgarishni sezgan Teshaboy oqsoqol ovozini balandlatib gapira boshladi:

-Bizning Sherqoʻzi qishlogʻimiz faqat rayonda emas, balki oblastda, balki butun respublikada, balki soyuzda birinchilardan hisoblanadi. Qishlogʻimizdan ikkita kandidat nauk, bitta milisa kapitani, ikkita GAI xodimi, oʻn toʻrtta «Qahramon ona» chiqqan,-Teshaboy oqsoqol «Qalaysan endi?» deganday oshnasiga qarab qoʻydi.

-Bu tomon ham sizning qishlogʻingizga qaraydimi?deb soʻradi muxbir yigit.

-Yoʻq, bu qoʻshni mayda qishloqcha...

Agar fashist kelib qishlogʻini pulemyotdan oʻqqa tutsa, balki Tursunali polvonning chidashi mumkin edi-yu, ammo haqorotomuz bu gapni indamaygina tinglashi qiyin edi. U qoʻllarini belga tirab, gʻoz yurish qilib koʻprik ustiga chiqdi-da, oshnasi unda qolib, muxbirga yuzlandi:

-Hov ukaxon, menga qarang-chi, oʻzlari kim boʻladilar?

-Men oblast radiosining muxbiriman,-yigit oʻzini tanishtirdi-yu, biroq Tursunali polvonning vajohatidan choʻchinqirab «oʻzingiz kimsiz?» deb soʻrashga botinmadi. Bu savol nazari bilan Teshaboy oqsoqolga qaragan edi, oqsoqol javob berishga ulgurmadi.

-Oblastdan muxbir boʻlsangiz, ilgʻor qishloq turganda baqaqurilloq tomonda nima qilib yuribsiz, qani, oʻting buyoqqa,-dedi Tursunali polvon buyruq ohangida.

Bu amrdan muxbir ajablangan boʻlsa, Teshaboy oqosoqol achchiqlandi:

-Nega oʻtar ekan? Bu ukamizga ilgʻor qishloq haqida ocherek* yozing, deb shaxsan obkom buva topshiriq berganlar

-Obkom buvaning esi ogʻib qolmagandir? Teshaboyning ilimiliq qishlogʻini yoz, demagandir. Qani, muxbir uka, bu yoqqa oʻtsinlar. Ocherekning xoʻrrozini mana, biz tomonda yozasiz.

Muxbir Teshaboy oqsoqolga najot koʻzi bilan qaragan edi, iltijosi e’tiborsiz qolmadi. Uning oʻrniga oqosoqol javob berdi:

-Qoʻy, oshna, sen bizning ichki ishlarga aralashma. Sen erkaklaringni chaqirib, mobilizatsiya qilaver.

Tursunali polvon oshnasining gapini eshitmaganday yana muxbirga yuzlandi:

-Muxbir uka, shu topgacha mening gapimni birov ikki qilmagan-a! Qani, yaxshilikcha izzatlarini bilib, bu yoqqa oʻtsinlar.

-Oʻtmaydilar. Qani, qoʻlingdan nima kelardi?-dedi Teshaboy oqsoqol ovozini balandlatib.

Prezidiumdagi qogʻozlarni tartibga keltirib boʻlgan Qambarali agar birinchi marta bunday olishuvga guvoh boʻlganida edi, shubhasiz, yugurib kelib «Batka»sining yonini olardi. Olishuvning oqibatini bilgani sababli ham tekin tomoshadan lazzat olish uchun stulga bemalol oʻtirib oldi. Tursunali polvon esa hujumni davom ettirdi:

-Oʻtmaydimi? Bu bola bilmasa, kimligimni sen bilasan. Agar oʻtmasa, naq peshonasidan otib tashlayman. Uvoliga sen qolasan.

Hazil emas, gʻazab bilan aytilgan bu qarordan muxbirning esxonasi chiqib ketdi:

-Ie, meni otmoqchimilar?-deb Teshaboy oqsoqolga najot bilan qaradi.

-Gaplariga e’tibor bermang,-dedi Teshaboy oqsoqol hotirjam ravishda.- Sal aynib qolgan. Nima bilan otadi? Nosqovogʻi bilanmi?

-Hali shunaqami?-Tursunali polvon shunday dedi-yu shart burilib, uyi tomon yurdi. Olishuv toʻgʻoni buzilganni sezgan Qambarali irgʻib turdi-da, uning yoʻlini toʻsmoqchi boʻldi. Tursunali polvon uni bir yon surib, uyiga kirib ketgach, Qambarali esa muxbirga yuzlandi:

-Uka, tez qoching. Bugun Batkaning nastroeniyasi ne to*. Rosmanasiga otib tashlaydi, buni tochna bilaman.

-Senam aynib qolibsan xoʻjangga oʻxshab. Muxbirni otish osonakanmi?-dedi Teshaboy oqsoqol.

-Kim oʻzi bu kishi? Rostanadam... xaligidaqami?-deb soʻradi muxbir.

-Undan ham battar,-dedi Teshaboy oqsoqol. Aslida u oshnasini yomonlab, muxbirni ovutmoqchi edi. Gaplarining muxbirni chulgʻayotgan qoʻrquv alangasiga moy kabi sepilishini esa oʻylamadi.- Shaytonni yigʻlatgan odamni eshitmaganmisiz? Shu odam shayton bilan birga sherikchilikka ekin ekadigan boʻlibdi. Shayton «erning ustidagisi seniki, tagidagisi meniki», degan ekan, bu odam bugʻdoy ekib, shaytonni dogʻda qoldiribdi. Kelasi yili shayton alamimni olaman, deb, «tepasi meniki, pasti seniki», deb shartlashsa, bu odam lavlagi eksa deng. Shunda shayton xoʻng-xoʻng yigʻlab, Xudoga nola qilibdi: «Ey Xudo, meni odamlarni yoʻldan urgin, deb yaratgan eding. Bu odam bor ekan, meni yaratib nima qilarding?» dermish. Tushundingizmi, bu bor joyda shaytonga ham kun yoʻq.

U gapini tugatishga ulgurmay, Tursunali polvon ov miltigʻini koʻtarib chiqdi. Miltiqning oʻqlanmagani polvonning oʻzi-yu Xudogagina ma’lum, bu yoqdagilar esa xabarsiz edilar. Shu bois uchchovlari chinakamiga dovdirib qolishdi.

-Qani, oʻtasanmi yo peshonangdan daricha ochayinmi?-deb poʻpisasini yanada kuchaytirdi Tursunali polvon.

Qaysi muxbir jonidan toʻyibdi-ki, bu muxbir yigit toʻysin? Bitta qishloqni maqtashdan boʻyin tovlab, koʻksini oʻqqa tutib beradigan ahmoq muxbir hali tugʻilganicha yoʻq. Kasbi maqtashdan iborat boʻlganidan keyin kim tutun qaytarar ekan? Bu nochor muxbir bu nodon polvonga «qishlogʻingizni maqtamayman», degani yoʻq-ku? Miltiq oʻqtalgani nimasi? Muxbir mana shungagina hayron. Lekin davomli ravishda hayron boʻlishga haqqi yoʻqligini tezgina anglab yetib, koʻprik sari qadam tashladi:

-Oʻtyapman, togʻa...

Qambarali vaziyatni yumshatish maqsadida uni darrov qoʻllab yubordi:

-Batka, esli bola ekan bu muxbir. Oʻziyam endi oʻtaman, deb turuvdi.

Qaysar Teshaboy esa muxbirning yoʻlini toʻsdi. Otib, qamalib ketadigan Tursunali polvon boʻlsa, bitta oʻq bilan u dunyoga joʻnavoradigan bu muxbir boʻlsa, Teshaboy oqsoqolga nima qaygʻu? Unga muhimi – qishlogʻining obroʻyini saqlab qolish. «Sherqoʻzini maqtagani kelgan muxbir aynib, Sherbilakni koʻklarga koʻtarib ketibdi», degan isnodga chidash mumkinmi? Teshaboy oqsoqol miltiqning oʻqlanmaganini aniq bilmasa ham tavakkal qildi:

-Oʻtmaysiz. Nima bor sizga u qishloqchada?-dedi muxbirga.- Qoʻrqmang, miltigʻining oʻqi yoʻq. Miltigʻiyam oʻziga oʻxshab qolgan. Moʻljalni ham ololmaydi. Toʻrt yil urushda yurib, bitta nemisni ham eplab otolmagan.

-Oʻq yoʻqmi? Yaxshi. Bilib qoʻy, ikkita oʻqim bor. Omma ikkovingni bitta oʻq bilan baravariga qulataman. Bir batalon nemisni tekislab tashlaganimni unutibsan-da, a? Manavi medalni nimaga berishuvdi, amma-xolangni quchoqlab oʻpganimgami?

-Teshaboy togʻa, boʻldi hazillashmang, oʻqlari bor, oʻzim koʻrganman,-dedi Qambarali astoydil sarosimaga tushib.- Uka, siz oʻtavering.

-Ha, ha, oʻtyapman...-dedi muxbir shoshib. Biroq, bir qadam qoʻyishga ham ulgurmadi, Teshaboy oqsoqol: «Oʻtmaysiz!», deb qoʻlidan ushlab oldi:

-Avzoyilar... chatoq, oʻta qolay,-dedi muxbir yalinib.

-Qoʻrqyapsizmi? Qani, otib koʻrsin-chi! Agar u sizni otsa, unikiga keladigan muxbirni menam otib tashlayman.

-Togʻa, murosa qilaylik, ikkala qishloq haqida baravar yozaman.

-Murosa yoʻq!-dedi Tursunali polvon ahdining qat’iy ekanini anglatish uchun sensirashga oʻtdi:- Endi bu baqaning qishlogʻini yozmaysan, faqat Sherbilakni yozasan.

Olishuv Tursunali polvonning foydasiga hal boʻlay deb turganda Qambaralining uyi tomondan joʻr ovozda aytilayotgan ashula eshitildi:

Men sevaman, sen sevasanmi,

Bogʻ sayriga kelasanmi...

Ashula ovozini eshitgan Tursunali polvon savol nazari bilan Qambaraliga qaradi. Qambarali «hech narsadan xabarim yoʻq», deganday yelka qisdi. Xuddi shu onda uning eshigi ochilib, bir-birlarining yelkalariga qoʻl tashlagan Sobitali bilan Turgʻunali chiqib keldilar. Soy boʻyidagi mashmashadan bexabar bu ikki sarxush ashulani vang qoʻyib, lazzatlanardilar.

Bu manzarani koʻrgan Teshaboy oqsoqolning yuzini mamnunlik kulgisi silab oʻtdi.

-Ha, ha, oʻting uka, oʻtavering. Anovlarni bi-ir yozing. Koʻrdingizmi, bu qishloqning hammasi shunaqa alkash. Yozing shularni, respublika bilib qoʻysin!-dedi gʻolib odamning ovozida.

Tursunali polvon bu yerda nima maqsadda turganini unutdi. Qambaraliga gʻazab bilan tikildi:

-Qambar, bularni kim ichirdi?
— Bilmayman, Batka.
— Senikidan chiqishdi-ku?

-Televizorimni tuzatmoqchi edi, boshqasini tochna bilmayman.

-Anavi giroyning zanjirini kim yechdi? Hali seniyam kuningni koʻrsataman, bola!- Tursunali polvon shunday deb sarxush joʻrovozlar sari tez-tez yurdi:

-Ha, uying kuymagurlar! Toʻxtalaring, ovozlaringni oʻchir! Qoʻlingni koʻtar!

Miltiq koʻtarib kelayotgan Tursunali polvonni koʻrib, Turgʻunalining esxonasi chiqib ketdi. Buyruqqa itoat etib, qoʻlini koʻtarmoqchi edi, muvozanatni saqlay olmay, yiqilib tushdi. Dunyo lazzatidan rohatlanayotgan Sobitali esa bu dagʻdagʻaga parvo ham qilmadi:

-Qoʻlni koʻtarmayman, Batka! Men erkin odamman! Nima, otmoqchimisiz? Pajaliska*, otavering,-shunday deb koʻkragini ochdi.-Bagʻrimni gʻalvir qilib tashlang. Oʻlar boʻlsam oʻlib boʻldim! Oting, togʻajon, meni otsangiz pryamoy* jannatga tushasiz.

Bu dadillikni kutmagan Tursunali toʻxtab, miltiqni tushirdi.

-Esi ogʻib qolibdimi?

-Beliy goryachka* boʻlganga oʻxshayapti,-deb darrovgina tashhis qoʻyib qoʻya qoldi Qambarali. Lekin bu tashhis Tursunali polvonga ma’qul kelmadi:

-Yoʻ-oʻq. Beliy goryachka boʻlsa, indamay borib oʻzini osardi. Buning «meni oting!» deb boʻkirib, menga sapchiyapti-ya!. Buning kasali «cherniy goryachka» oʻzbekchasiga «qoʻrqqan oldin musht koʻtarar» degani. Qarab turgin, men uni bir pasda tuzataman. Sen kechagi zanjir bilan qulfni topib kel-chi.

Qambarali buyruqni tezlik bilan bajarish maqsadida yugurganicha uyiga kirib ketdi. Tursunali esa miltiqni devorga suyab qoʻyib ularga yaqin keldi:

-Sobitali, oʻzingni bos, uka. Men duch kelgan odamni otadigan telba emasman. Urushda ham faqat nemisning ahmogʻini topib, tanlab-tanlab otganman. Aqllilariga tegmaganman. Ana oʻshalar hozir yaxshi-yaxshi kastum, toʻfli ishlab, bizlarga yuborib turishibdi. Senga yomonligim yoʻq, uka. Televizorim buzilsa, tekinga tuzatib berasan-u men seni otamanmi? Men otang bilan ulfat edim. Omma peshindan keyin bi-ir ayniydigan odati bor edi, rahmatlining. Sen undan ham oʻtib ketding. Peshinni kutmay, ertalabdanoq aynib berasan. Omma seni tuzatsa boʻladi. Kasalingning davosi bor. Bir haftada otdek boʻlib ketasan.

Yumshoqlik bilan, nasihat ohangida aytilgan bu gaplarni eshitib, Sobitali sergak tortdi:

-Nima qilmoqchisiz?- Tursunali polvon javob berishga ulgurmadi. Sobitali uyidan zanjir koʻtarib chiqayotgan Qambaralini koʻrdi-yu qanday hukmga mubtalo boʻlganini anglab, tavba-tazarruga oʻtdi: -Togʻajon, kechiring, boshqa boʻlmaydi.

-Boshqa boʻlmasligi aniq,-dedi Tursunali polvon. Keyin Turgʻunalini chaqirdi:- Qani, hov katta alkash, bi-ir oʻrinlaridan turib, beri kelvorsinlar-chi!

Turgʻunali arang oʻrnidan turib, tetapoya qilayotgan boladay bir-ikki qadam bosdi:

-Batka, mening savsem aybim yoʻq. Manov maraz meni zoʻrladi. Ichmayman, devdim yotqizvolib ogʻzimdan quydi,-shunday deb yaqinlashishga botinmay toʻxtadi.

-Beri kel, dedim!

Turgʻunali ishtonini hoʻl qilib qoʻygan bola ahvolida yaqin kelgach, Tursunali polvon Qambaraliga imo qildi-da, hozirgina dunyo ne’matidan mamnun ravishda joʻrovozlikda qoʻshiq aytayotgan hamshishalarni juftlab quchoqlab oldi. Ikkovi qanchalik qarshilik bildirmasin, urinmasin, uning baquvvat qoʻllaridan boʻshab chiqisha olishmadi. Qambarali esa oʻziga tegishli topshiriqni bekami-koʻst bajardi: ikkovini qoʻshib zanjiriband etdi. Bu manzarani kuzatib turgan muxbir yigit Tursunali polvonning «otaman!» degani shunchaki poʻpisa emasligiga aqli yetib, izzati borida joʻnab qolishga qaror qildi-da, tisarildi.

-Ha, uka, yoʻl boʻlsin?-dedi Teshaboy oqsoqol.

-Men bora qolay, keyin bafurja yozib ketarman.

-Bulardan qoʻrqmang. Shunaqa jinnilik qilib turishadi-yu boshqalarga tashlanishmaydi. Xavfsiz jinnilar. Qani, yuring, samovorxonada otamlashamiz.

-Qoʻrqayotganim yoʻq... faqat... lentam tugab qolibdi. Boshqa kelaman,-muxbir shunday dedi-da, orqasiga oʻgirilib, tez-tez yurib ketdi.

Teshaboy oqsoqol «attang!» deganicha qolaverdi. Aslida, muxbir yigit bilan samovorxonada gaplashsa ham boʻlaverardi. Qoʻshni qishloq ham bilib qoʻysin, degan manmanlikda bu yerga boshlab kelgan edi. Muxbirni osonlikcha chaqirmagandi. Endi qachon keladi-yu... Ishxonadagilarga koʻrganlarini dasturxon qilib yozsa, bu tomonlarga ikki dunyoda muxbir zoti qadam bosmaydigan boʻladi. Oblastdagi nechta qishloq samovorxonada osh damlab, ularning kelishiga mahtal boʻlib oʻtirishganda gʻalvajoyga kelisharmidi? Tursunboy oqsoqol qilib qoʻygan ishidan pushaymon boʻlsa-da, ayb yukini oʻz boʻyniga olgisi kelmay, koʻprikka yaqinlashdi-da, oshnasiga qarab baqirdi:

-Xov xoʻkiz! Xoʻkiz, deyapman! E, oʻkirmay oʻlmagin sen! Muxbirni choʻchitib yubording-a! Indamaganingda toʻrt-besh oydan keyin kelib, seni ham yozib ketardi. Endi oʻzing ham quruq qolding.

-Muxbiring ham oʻzingga oʻxshash qurilloq ekan. Muxbirlarning xoʻrozini ertaga koʻrasan. Toshkanga borib, oʻzim boshlab kelaman. Ilgʻor qishloqning qanaqa boʻlishini oʻshanda koʻrasan,-dedi Tursunali polvon unga qarab.

-Agar shu kelgan muxbir bola qishlogʻimni yozmasa, bilasanmi, seni nima qilaman?

-Qoʻlingdan nima kelardi?

-Qoʻlimdan nima kelishini hali bilmaysanmi? Gaz quvuring mening qishlogʻimdan oʻtganini unutdingmi? Shu bugunoq gazni oʻchirtirib qoʻyaman. Oʻtiraver tappi yoqib.

-Voy-boʻ, juda-a qoʻrqitib yubording-ku! Gazni oʻchirasanmi? Elektr siming qaerdan oʻtganini senam unutmagin-a? Sen gazni buragan minutingda men elektrni oʻchiraman.

Teshaboy oqsoqol gazni oʻchira olmasligini bilsa-da, poʻpisa uchun aytgan edi. Ikkala qishloqqa qaraydigan montyorning Sherbilakda yashashini, Tursunali polvon poʻpisa qilib oʻtirmay shart oʻchirtirib qoʻyishdan ham toymasligini hisobga olmagan edi. Shu sababli uning «Koʻramiz hali!» deganicha iziga qaytishdan boshqa chorasi qolmadi.

-Batka, elektrni oʻchiramiz, deb bekor aytdingiz,-dedi Qambarali Teshaboy oqsoqol ketgach.

-Men bir narsa desam, bilib aytaman.

-Toʻgʻri-yu lekin...elektrni oʻchirsangiz... bollari tez uxlaydi. Bu yogʻi jadallashib ketadi-ku? Keyin tugʻishda bularga yetib boʻlmay qoladi.

-Bu yogʻidan havotir olma, elektrni oʻchiramiz-da, besh-oʻnta projektorni roʻpara qilib qoʻyamiz, kechasi bilan uxlamay chiqishadi.

-Buni zoʻr oʻylabsiz, beliy noch* qilib qoʻyish kerak.

Tursunali pishillayotgan qoʻshovozlarga e’tibor bermay uyi tomon yurgan edi, Sobitali zorlandi:

-Polvon togʻa, tavba qildik, rahmingiz kelsin.

-Mening rahmim bir haftadan keyin keladi. Ungacha achomlashib yuraverlaring. Aslida basharalaringga qora surtib, eshakka teskari mindirib, sazoyi qildirishim kerak edi.

-Batka, aslida shunaqa qilganingiz tuzuk,-dedi Qambarali.

-Sheriklaringga achinyapsanmi? Seniyam qoʻshib bogʻlashim kerak edi-yu ayadim. Bularni sen ichirgansan.

-Men ichirganim yoʻq, televizor tuzatgani kirib, mehmonga atab qoʻyganimni topib, quritishibdi. Televizorni tuzatmabdi bu nokas. Aslida ikki haftaga bogʻlab qoʻysangiz ham boʻlardi. Lekin... bu ahvolda... hojatga ham borisholmaydi. Keyin... uyati ham bor-da... Qishlogʻimizga ikkita mayda qadam yetishmay turuvdi. Keyin... xotinlari ham qoʻyib qoʻymas bu ahvolda?

-Batka, eshakka mindira qoling,-deb yana zorlandi Sobitali.- Bu ahvolga xotinlarimiz chidasholmaydi, revolusiya* qilib yuborishadi. Ular bir hafta ersiz yotishga oʻrganishmagan. Emaklab boʻlsa ham uyga yetib kelardik.

Bu haqiqat Tursunali polvonni oʻylashga va jazo turini oʻzgartirishga majbur etdi.

-Bor, ikkita yagʻir eshak topib kel,-deb buyurdi Qambaraliga.- Manavi palagi buzuqning katta enasi sherqoʻzilik edi, eshak minib enasining qishlogʻini bi-ir ziyorat qilib chiqsin.

Qambarali buyruqni bajarishga shaylangan edi, guzar tomonga shoshilib kelayotgan Mavjudani koʻrib, toʻxtadi. Turgʻunali xotini kelayotgan tomonga orqa bilan turgan edi. Shu bois Mavjuda uni koʻrmay, Tursunali polvonga da’vo qildi:

-Qani, qani mening erim?

Mavjudani koʻrgan Sobitalining chehrasi yorishdi. Mavjuda uning koʻziga oʻlim azobidan qutqarib qoluvchi farishta qiyofasida koʻrindi.

-Togʻa, asirlarni ozod qilavering, revolusiya boshlandi,-dedi u quvonch bilan.

Mavjuda Tursunaliga yaqinlashganida erini tanidi-yu tizzasiga shapatilab urdi:

-Voy oʻlmasam, voy oʻlayin, sizni kim bogʻlab qoʻydi?

-Kim boʻlardi,-dedi Turgʻunali xokisor ovozda,- ana, togʻang-da...

-Erimni boʻshating, yeching deyapman!-deb talab qildi Mavjuda.

-Shangʻima. Baribir yechilmaydi, bir hafta shunday yuradi. Hukm shunaqa.

-Qanaqa hukm?

-Ichgani uchun, traxtirni pachaq qilgani uchun, seni urgani uchun jazolandi.

-Ursa meni uribdi, sizni uribdimi? Er boʻlganidan keyin xotinini uradi-da! Urib turmasa, men shaharlik xotinlarga oʻxshab semirib ketarman. Yeching deyapman! Qanaqa kunlarga qoldim-a! Bittasi zanjirga bogʻlab qoʻyadi, yana bittasi yarim kechada traxtirini roʻparasiga daraxt ekib qoʻyadi... Yechasizmi, yoʻqmi!

-Bir xaftadan keyin yechiladi.

-Yechmasangiz jensovetga* arz qilaman.

-Undan kattarogʻiga arz qil, menga desa.

-Unda erimni olaman-u oʻzimning qishlogʻimga koʻchib ketaman. Bitta giroy xotinga kuyib qolasiz.

-Nima deding?

-Qishlogʻimga koʻchib ketaman. Ularga ham giroy xotinlar kerak ekan.

-Qishlogʻing buzilib, oʻrniga suv ombori qurilganiga necha yil boʻldi? Suvning tagiga koʻchib borasanmi? Suv parisi boʻlib yurasanmi?

-Unda... Sherqoʻziga koʻchib oʻtamiz. Tunovinda Teshaboy togʻam aytganlar. Sherqoʻziga bogʻliq yerimiz bor. Katta otamning otasi shu Sherqoʻziga kuyov boʻlganlar.

Koʻchib ketish haqidagi avvalgi ahdiga ishonmasa ham boʻlardi. Ammo keyingisi poʻpisa emasligini Tursunali polvon anglab jim qoldi. Bu sukutdan foydalangan Qambarali unga maslahat berdi:

-Batka, qoʻying, bu bilan pachakilashmang.

Tursunali polvon bir qarorga kelmay turib, Mavjuda ayollarning eng ishonchli qurolini ishga soldi – ovozini baralla koʻtardi:

-Voydod, musulmonlar! Erimni zanjirlab oʻldirishyapti!

Atom bombani daf qilish mumkinligini, biroq, dod solishni boshlagan xotinni tinchitish amri mahol ekanini yaxshi bilgan Tursunali polvon choʻntagidan kalitni olib, Qambaraliga uzatdi:

-Bu xotinga giroylik tuqqani uchun emas, shangʻiligi uchun berilgan. Yech erini, daf boʻlsin. Omma Sobit alkashni qimirlatmay tur, uni eshakka teskari mindiramiz. Buning xotini yuvosh, revolyusiya qilmaydi.

Oʻtmish Esa Hamisha Totli

Agar Yer yuzida boshqa yumushi boʻlmaganida Quyosh bu guzardagi xangomalarni tomosha qilib, tek turaverarmidi... Vazifasiga xiyonat qila olmagani uchun bu ikki qishloqda yashovchilarni toʻlin oy va yulduzlar ixtiyoriga qoldirib, oʻzi yoʻlida davom etdi. Darvoqe, quyosh yana bir hangomaning boshlanganiga guvoh edi. Hangomaning debochasi oqshom chogʻi boshlangan, rivojini koʻrish esa oy va yulduzlar hukmidagi osmonga nasib etgan edi.

Kunlik yumushlardan horigan har ikki qishloq ahli uyquda edi, desak salgina yanglishgan boʻlamiz. Bu ikki qishloqda bir necha odam bedor edi. Ularning ikkisi visol umidida uyqudan voz kechishgan, qolganlarini esa hangoma qiziqtirardi. Visol umididagilarning biri – Tursunali polvon. Oʻgʻillari, kelinlari, nabiralari uyquga ketganiga ishonch hosil qilgach, oʻrnidan turib, huddi oʻgʻri mushukday koʻcha eshigi tomon yurdi. Uni tanimagan odamga bu harakatini koʻrsatib, «hech kimga soʻz bermaydigan polvon shu odam boʻladi», deyilsa, sira ishonmaydi. Tursunali polvon har kuni necha martalab bu eshikni ochib, gʻijirlashiga e’tibor bermas ekan. Hozir ochayotganida eshikning zorlanganday gʻijirlashi uni harakatdan taqqa toʻxtatdi. Nazarida bu gʻijirlash erta tongdagi nogʻora bazmdan ham oshib tushganday, eshik «manavi telbaning ishini koʻrib qoʻyinglar!» deb olamga jar solganday boʻldi. Tursunali polvon eshikni asta yopib, orqasiga qaytmoqni ham oʻyladi. Lekin chorlov u tomondan boʻlgani uchun, visolga chiqmaslikni oʻzi uchun or deb bilib, yoʻlidan qaytmadi. Omadni qarang-ki, qaydadir uyqusiragan eshak hangrab qoldi-yu shu ovozning pardasida eshikni ochvoldi. Soy tomon yurib, koʻprik oldida toʻxtadi-da, Sherqoʻzi qishlogʻi tomon umid bilan koʻz tikdi.

«Yo Xudoyo, qudratingdan! Shu yoshga kirganimda yaxshi koʻrgan xotindan xat olishim yetti uxlab bir tushimga kirmovdi-ya!-deb oʻyladi u.- Dardini ichiga yutib yurganini qarang-a... «Siz ikki marta uylandingiz, men esam ikki marta kafanga oʻralib, koʻmildim. Ikki marta kuyib kul boʻldim. Ikki marta yuragimni qiymalashdi...» debdi-ya! Bunaqa gaplarni oʻn sakkiz yashar qiz ham yozmasov... Xotin kishining muhabbati shunaqa kuchli boʻlarkan-da, a? Jur’at etib menga xat yozibdimi, shu uchrashuvga taklif etibdimi, omma qoyilman, naq xotinlarning xoʻrrozi ekan-u bilmay yurgan ekanman. Aslida, yoshligida olib qochib ketaversam boʻlarkan. Hammasiga Teshaboy baqa sababchi. Imijiqlik qildi. «Shu oshnamga jonim tasadduq, bir emas, oʻn singlimni beraman», demadi-ya! Be, unda bundayin mardlik yoʻq. Omma singlisi mard ekan. Qoyilman, ota qizi!»

Oʻz oʻylariga band Tursunali polvon bu shumlikni boshlagan Shoirali, Sultonali, Nuralining chinor panasida oʻtirganlaridan bexabar edi. Oqshomda samovorxonada boshlangan ulfatchilik xuftondan soʻng tugagach, uchchovlari dasturxondan ortgan yeguliklarni chorsiga tugib, bu yerga kelishgan edi. Shumlik boshlanishida bularga qoʻshilgan Mirali keyinchalik aynib, kunduzgi «ekstreniiy majlis»dan ruhlandimi, har holda uyiga ketishni ma’qul koʻrdi. Ulfatlar shumlikni boshlashga boshlab, ya’nikim, Shoirali toʻqigan ikki maktubni ikki tomonga yetkazishsa-da, bundan bir natija chiqishiga unchalik ishonishmayotgan edi. Tursunali polvonning eshigi gʻijirlab ochila boshlaganida hammalarining ichlariga chiroq yoqilganday boʻldi. Ishlari yurishayotganini «yuvish» uchun yana yarim piyoladan otib olishdi. Sherqoʻzi qishlogʻi tomonda kimningdir qorasi koʻringach, gʻalabalariga tamoman ishonch hosil qildilar.

Sherqoʻzi qishlogʻining guzariga yaqinlashayotgan odam Hamrobonu edi. U atrofga alanglab, havotir bilan yurib kelardi. «Voy oʻlayin-e, shu yoshga kirganda uchrashuvga chiqsam-a!-deb oʻylab, uyatdan yuzlari yonib ketay derdi.- Voy sharmanda! Nevaramga bollar xat yozishsa, tergab yuribman-a! Nima qilay. Men bedavo, chiqmasam, yuragim yorilib ketay desa. Bu kishining xatlarini oʻlib yotganimda oʻqib berishganida ham turib ketarmidim... «Sizning ishqingizda shoir boʻlib ketdim», debdilar-a! She’rlari biram gʻalati-ki... Bitta oʻqishda yodlanib qolsa-ya! «Qani Layli bilan Shirin, ulardan noz oʻrgangin, qani oʻsha Farhod bilan Majnun deganlari men ularga ishqni oʻrgatib qoʻyayin». Rostdanam shoir boʻlib qolganlar. Voy tavba-e, shuncha yildan berisiga har koʻrganimda yuragim bir jizillaydi-ya, voy oʻlayin-e, birov koʻrib qolmasaydi... Shaharda Muqaddasxon degan xotin oltmish besh yoshga yetganida birinchi muhabbatini topib, qochib ketibdi, deyishsa ishonmay yuribman-a!..»

Tursunali polvon asta-asta bosib kelayotgan Hamrobonuni bir qarashdayoq tanidi. Tanidi-yu badanidan jon chiqib ketganday oyoqlari qaltirab qoldi. Bunaqa ahvolda uzoq turish Tursunali polvonga xos emasdi. Shu sababli yengil yoʻtalgan boʻlib, kutib turganini ma’lum qildi. Hamrobonu yana uch-toʻrt qadam bosgach, u ovoz berishga jur’at qildi:

-Ha... Hamro... bonu... salom... salomatmisan?

Hamrobonu guzarga qadam qoʻyishi bilanoq koʻprik yaqinida turgan kishini tanigan edi. Shunday boʻlsa ham Tursunali polvonning ovozini eshitgach, kutilmaganda bu odamga duch kelib, choʻchiganday toʻxtab qoldi.

-Voy, assalomu alaykum... Nevaram kechroq qaytaman, devdi. Shunga havotirlanib chiquvdim. Ena-otalarining parvoyi palak. Havotirlanishmaydi ham.

Hamrobonu bu bahonani uyidan chiqmay turiboq oʻylab qoʻygan edi. Tursunali polvon esa biron bahona aytishga toʻgʻri kelar, deb oʻylab ham qoʻymagandi. Ayolning gapi unga moydek yoqib, uning bahonasini davom ettirib qoʻya qoldi.

-Mening ham kichigimdan darak yoʻq. Bola vaqtida kelmasa... uyqu qochar ekan.

Yoshlarning oʻz uylarida, oʻz oʻrinlarida shirin tushlar koʻrib uxlab yotgani ularning oʻzlariga-yu Xudogagina ma’lum. Uchrashuvga chiqishdan maqsadlarini ibo yuzasidan yashirish uchun toʻqilgan bu yolgʻon gunohga kiradimi yo yoʻqmi, aniq bilishmaydi. Lekin yolgʻon bahona tildan uchgani hamon dillarida tavba qilib qoʻyishni unutishmadi. Bir-birlarining bahonalariga ishonganday boʻlishgach, navbat hol-ahvol soʻrashga keldi:

-Oʻzing yaxshimisan?

-Xudoga shukr. Oʻzingiz sogʻ-salomatmisiz?

-Yuribmiz tuproqdan tashqarida... Havo sal dimroqmi bugun?

-Shunaqaga oʻxshaydi.

-Oʻzing sogʻ-salomatmisan?-deb qayta soʻradi Tursunali polvon.

-Rahmat... oʻzingiz...-deb qayta javob berdi Hamrobonu.

-Ha, endi yuribmiz Gorbachevdi soyai davlatida. Qara-ya, Oʻroqboyning xotini ham giroy boʻpti-da, a?

-Xudoning bergani-da...

-Seniyam giroy boʻlishingga ozgina qoluvdi. Ering nomardlik qilib, tashlab ketmaganida giroy boʻlarding.

-Unaqa nomard demang... Bir falokat olib ketdi-da u kishini.

-Xafa boʻlmagin-u, omma ering mijgʻovroq edi. Qadringga yetmadi. Men uning oʻrnida boʻlganimda seni deb traxtirdi tagidan ham omon chiqqan boʻlardim. Shunday xotinning qadriga yetmay oʻlib ketgan erkak erkakmi?

-Peshonaga yozilgani-da...

-Menga qara, sal ranging ketibdimi? Siqilib qolganga oʻxshaysan. Mabodo birovni sogʻinib, ichikib qolmadingmi?

-Siz ham... ancha shashtingiz pastmi?... Siz ham... armiyadagi oʻgʻillaringizni sogʻinyapsizmikin?...

-Oʻgʻillarni sogʻinish boshqa... mening dardim boshqa.... men qirq-ellik yildan beri sogʻinaman... Yo undan koʻprogʻam boʻlgandir, a? Hisobdanam adashib ketdim.

-Tagʻin ham chidamli ekansiz.

-Hamro, sendan bir gap soʻrayin... Sen dono ayolsan. Akangga oʻxshamaysan. Akang naq pishmagan dumbulning oʻzginasi.

-Mayli, soʻrayvering-u, omma akamni bunaqa tergamang-da.

-Akangni-chi... Ha, mayli, bu boshqa masala. Xullas... Hamro...bir oshnam bor. Xuddi oʻzimga oʻxshaydi. Oʻsha oshnam bir qizni yaxshi koʻrib, uylanmoqchi boʻlganida akasi nomardlik qilib unamagan.

-Oshnangiz ham qiziq ekanlar... qizning akasi unamasa, arazlab, burilib ketaveradilarmi? Chinakamiga yaxshi koʻrsalar, qizni opqochib ketib boʻlsa ham uylanardilar. Balki oʻsha qiz ham u kishini yaxshi koʻrgandir. Oshnangiz arazlab yurganida u yum-yum yigʻlagandir...

-Buni sen qaydan bilasan?

-Shunchaki aytaman-da. Qizlik paytimda menam shunaqa voqeani eshitganday boʻluvdim. Aslida, qizning akasi bilan oʻsha arazchi yigit qalin oshna ekanlar. Chinakamiga yaxshi koʻrgan yigit bunaqa arazlamaydi-da.

-Endi... yosh boʻlgan-da, aqli yetmagan. Yoshlikda qon qizib turgan paytda bitta gap ham ortiqchalik qiladi. Xudoning qudratini qaragin, hozir oʻsha oshnam ham beva, oʻsha ayol ham beva. Oshnam degin, oʻsha ayolni koʻrsa haliyam oyogʻi qaltirab qoladi. Xudo deyman, bularni bekorga beva qilib qoʻymagandir, a? Hech boʻlmasa qariganda qovushsin, bu dunyodan armon bilan ketishmasin, degandir, a?

-Qaydam... shu yoshga kirib... bolalari, nabiralari oldida uyat boʻlmasmikin?
— Uyati nimasi? Yolgʻizlik yomon, axir. Kunduzi mayli, bilinmaydi. Kechasi bollar uy-uylariga kirib ketsa-yu oshnam bechora yostiqni quchoqlab yolgʻiz qolsa... Yoʻq, uylanmasa boʻlmaydi. Bir domlaga maslahat solgan ekan, domla «uylanmasangiz gunoh», debdi. Agar yolgʻiz holida joni chiqib ketsa, oʻsha xotin gunohkor boʻlar ekan.

-Voy oʻlmasam, unaqa sovuq nafas qilmang. Oshnangiz uzoq umr koʻrsinlar.

-Nima deysan, sovchi qoʻyaversamikan?

-Bir nima deyishga hayronman... umr savdosi...

-Axir ular bir-birlarini hali ham yaxshi koʻrishadi. Oshnam uni qizligida anavi chinorning panasida bir marta oʻpganam, ha!-Tursunali polvon gapining isboti uchun oʻsha totli onlarga guvoh boʻlgan chinor tomon qaradi. Pistirmada oʻtirgan ulfatlar «koʻrib qolmasaydi» degan havotirda bir necha soniya nafas olishdan ham toʻxtadilar. Chinor tomonga Hamrobonu ham qarab entikib qoʻydi. Ammo sir boy bermay, javob qaytardi:

-Voy, rosti bilanmi? Keyin oʻsha oshnangizning tishlari ogʻrib qolmaganmidi? Bir eshitganday boʻluvdim. Ertasiga oʻsha yigit jagʻlarini bogʻlab kelib, oʻsha qizga «yo tishimni tuzatib ber yo oʻpishingni qaytarib ol», degan ekanlar.

-Ha... endi oshnam shu bahonada yana bir marta oʻpib olmoqchi boʻlgandir-da... Xoʻsh, endi nima deysan?

-Bilmasam... oʻsha xotinning akasi... endi unarmikin?

Masalaning yechimi nozik joyga kelganda Tursunali polvon oshnasi nomidan gapirayotganini unutib, dangaliga koʻchib qoʻya qoldi:

-Unamasa... akasini naq otib tashlayman! Endi orqaga qaytish yoʻq.

-Voy oʻlayin, unaqa qilmang. Oshnangizga ayting, akasi bilan yaxshi gaplashsinlar. Qiziqqonlik qilmasinlar, axir bu umr savdosi-ya...

Umr savdosi shu tarzda endi pishay deganda Teshaboy oqsoqolning qorasi koʻrindi. U biroz kuzatish, gaplarini eshitib koʻrishga toqat qilmay, huddi tank kabi bostirib keldi.

-Hamro? Nima qilib turibsan?

Surur ummonida suzayotgan Hamrobonu akasining tahdidli ovozini eshitib, nahang baliqqa roʻpara kelganday choʻchib tushdi. Roʻparasida Tursunali polvonning turgani madad boʻldimi, gapini yoʻqotmay javob berdi:

-Voy... aka... nevaramni kutib turuvdim.

-Nevarangni shu yerda kutasanmi? Anavi kim? Xoʻkizning soyasimi?

-Voy... aka, unaqa demang, oshnangiz-ku?

-Ie, oshnammidi? Qara-ya, sen aytmasang bilmasakanman. Kir uyga! Nomahram erkak bilan qorongʻida gaplashib turishga uyalmaysanmi?

Hamrobonu uyalganidan «voy oʻlmasam», dedi-yu akasiga gap qaytarmay, iziga qaytdi. Hamrobonuning bu qadar izza chekishiga oʻzini aybdor his qilgan Tursunali polvon oshnasiga tanbeh berdi:

-Vey oshnajon, bu xotin singling boʻlsa ham doʻq qilaverma, sal oʻpkangni bosib olib muomala qil, xoʻpmi?

-Ishing boʻlmasin. Sen bola, singlimni yoʻldan uraman, deb xomtama boʻlma.

Teshaboy oqsoqol qoʻpol gapirgan boʻlsa ham, Tursunali polvon suhbatni dilkashlik sari burmoqchi boʻldi:

-Teshaboy, oshnajon, bu tomonga oʻtgin, bi-ir chaqchaqlashaylik.

-Yarim kechada chaqchaqlashadigan dovdirga oʻxshaymanmi men?-Teshaboy oqsosoqol shunday deb oʻgirilib ketmoqchi edi, Tursunali polvon soydan sakrab oʻtib, uni yengidan ushladi:

-Toʻxta, oshna, toʻxtasang-chi! Muncha qurillaysan? Qani, nosdan ol.

-Yetim boqmay qoʻyganman,-Teshaboy oqsoqol toʻxtashga toʻxtadi-yu gʻazabini oshkor qilish maqsadida yuzni burdi.

-Kel endi, nosdan olsang-chi,- dedi Tursunali polvon uni yumshatish maqsadida.

-Nosqovoq uyda qolibdi,-dedi Teshaboy oqsoqol choʻntagini paypaslab. Keyin oshnasiga oʻgirildi:- Sen oʻzing biron marta boʻlsin, pulingga nos olib chekasanmi?

Bu tanbehni eshitib, Tursunali polvon kulimsirab qoʻydi-da, choʻntagidan nosqovoqni oldi:

-Boʻpti, ma ol, menikidan chek. Asli sening nosingga sira toqatim yoʻq. Sen nos tanlashni bilmaysan.

-Nos tanlashni oʻzing bilmaysan. Senikidan tezakning hidi kelib turadi. Joʻra qirgʻizdan olasan-da, a nosni?

-Oshnajon, nos otishni sizga kim oʻrgatgan? Yurar edingiz «Belomor»ni tutatib. Bilvoling, nosning xoʻrrozi oʻsha Joʻra qirgʻizda boʻladi.

-Erkaklar chekadigan nos Mamatqulda boʻladi, bilib qoʻy.

-Bekorlarni aytibsan! Mamatquling tamakini oz qoʻshadi. Mamatqulning nosini kampirlar yaxshi koʻrishadi.

-Ushla nosqovogʻingni, sen nosning farqiga bormaysan.

Boshqa payt boʻlgandi-yu Tursunali polvon qaysi gapni qanday ohangda aytishni bilardi. Teshaboy deganlarni gapirtirmay qoʻyish qoʻlidan kelardi. Lekin... hozir sharoit boshqa. Hozirgi umidbaxsh uchrashuvdan keyin buning koʻngliga qaramasa boʻlmaydi.

-Achchiqlanaverma, oshna,-dedi yalingansimon,-xumorbosdiga toʻrttagina tashlab ol.

Teshaboy oqsoqol ham anoyilardan emas. Oshnasining gʻoliblik shohsupasini nima uchun osongina boʻshatib berganini bilmaydi, deysizmi? Hamonki shohsupa lutfan boʻshatilgan ekan, noz qilib oʻtiradimi? Shart chiqib, joylashib ola qoldi. Oshnasining qul darajasida boʻlmasa ham, tobe holga tushishi unga maroqli onlarni hadya etdi. Uni yana biroz laqillatish maqsadida choʻntagidan nosqovogʻini oldi:

-Oʻzimnikidan chekaman,-deb poʻkakni ochdi.

-Voy nokas, yoningda ekan-ku? Ol, mayli, menam senikidan cheka qolay, seniki tabarruk.

-Tekindan kafan uchrasa, oʻlib berasan sen. Ma, ol, nafsing qursin!

-Nosqovogʻingni doimo yoningda olib yurishingni bilmaymanmi? Omma shu odatingga besh ketaman. Agar mendan oldinroq ketadigan boʻlsang, kafaningning etagiga nosqovogʻingni bogʻlatib qoʻyaman. U yoqda birovlardan nos soʻrab sargʻayi-ib yurasanmi?

-Mendan oldin oʻzing ketvorsang-chi? Lahaddagi guvalaning oʻrniga bir shapman shishasini toʻldirib nos qoʻydirib qoʻyaman. U yoqda sendaqa sur yetimni boqadigan ahmoq yoʻqdir.

-Sen rosmana maza nimadaligini bilmaysan, oshna. Haqiqiy kashanda oʻzinikini cheksa sira kayf qilmaydi. Sen boshimga nos shisha qoʻymagin-u orqamdan tezgina yetib borgin. Bollaringga vasiyat qilib qoʻy, nos berib yuborishni unutishmasin. Yaxshisi sen goʻrkovingga tayinlab qoʻy. Bollaring «voy otamlab» baribir unutishadi.

-E, ovozing oʻchsin! Muncha sovuq nafas qilasan?

-Sovuq nafas emas, bu oshnajon. Menga nos olib borasan, deb yaxshi niyat qilyapman. Men hali beri oʻladigan odammasman. Otam «bir yuz oʻnga kirgin», deb duo qilganlar. Nos olib borish bahonasida senam bir yuz oʻnga kirasan.

-Xoʻp dono otang bor edilar-a? «Yoshing bir yuz oʻnga kirsin-u ikkita xotin olgin», deb duo qilganlarini qara-ya!

-Shu yerda adashding, oshna. Otam: «uchta xotin olgin, uchinchisi haqiqiysi boʻlsin», deb duo qilganlar. Ota duosi vojib, endi bajarmasam boʻlmaydigan.

-A? Yana uylanmoqchimisan?

-Ha, nima, meni brakka* chiqarib qoʻydingmi? Sen meni oʻzingga oʻxshatma.

-Menga nima qipti?

-Ashuralinikidagi xudoyida kuzatib turuvdim, uch marta tashqariga chiqib kelding-a? Men bir marta turdimmi? Men sendan koʻra baquvvatroqman hali.

-Mening buyragim shamollagan. Doʻxtirning dorisini ichyapman.

-Men shu yoshga kirib bir marta aksirmaganman, dori ham ichmaganman.

-Xoʻkiz ham aksiradimi hech zamonda?

-Ke, qoʻy, achchiqlanmagin. Xoʻkiz deysanmi, aygʻir deysanmi, deyaver. Baribir seni yaxshi koʻraman. Kechalari uygʻonib ketib, koʻchaga chiqaman. «Oshnam tinchmikin?» deb uyingga qarab qoʻyaman. Tinchligingni bilib, Xudoga shukr qilaman.

-Mening uyimgami... yo?-Teshaboy oqsoqol shunday deb unga ayyorona boqdi.

-Teppamda Xudo turibdi, senikiga qarayman. Men har kuni Xudoga arz qilib, oshnamning umrini uzoq qilgin-u avval mening jonimni olgin, deb soʻrayman.

-Menga buncha mehribon boʻlib qolding?

-E, oshna, vaqtliroq oʻlishning ham foydasi bor. Avval ketsam marosimlarimga oʻzing bosh-qosh boʻlasan. Bu bollar qoidasini joyiga keltirib, evlab koʻmishni ham bilishmaydi. Yumaloq-yostiq qilib, tashlab kelaverishadi. E... kel, oshna, boshqa gaplardan gaplashaylik.

-Oʻzing boshlading-ku, bu bemaza gapni.

-Endi... oʻzim bemaza boʻlganimdan keyin gapim nima boʻlardi?

-Ha, nechuk?- Teshaboy oqsoqol shunday deb oshnasining peshonasini ushladi.- Alahsirayapsanmi?

-«Doʻsting uchun zaxar yut», deganlar. Ba’zan oshnaga yoqadigan gaplarni ham gapirib turish kerak-da. Gapning xoʻrrozi shu-ki, sening gaplaring ham shirin, nosing ham shirin. Nima uchun sening nosingni yaxshi koʻraman, bilasanmi?

-Tekin boʻlgani uchun-da.

-Yoʻq, oshna. Tekinning hammasi ham mazali boʻlavermaydi. Sening nosingdan singlingning hidi kelib turadi.

-Nima?

-Nosqovoqqa nosni Hamro solib bersa kerak, deyman-da. Qoʻlining hidi oʻtadi-da.

-Nega Hamro solarkan?

-E, gap uqmas, hadeb «Nega? Nega?» deyaverasanmi? Nimaga shama qilayotganimni tushunmayapsanmi?

-Tushunib turibman. Faqat «bu ahmoqqa qachon aql bitarkin?» deb oʻylyapman xalos.

-Mayli. Gapirib ol. Ahmoq deysanmi, jinni deysanmi, deyaver. Sen erta-indin qaynogʻam boʻladigan odamsan. Kuyov boʻlaturib, xotinni urugʻlariga yomon gapirsam yarashmaydi.

-Ol-a! Hali men rozilik berdim-u sen menga kuyov boʻla qoldingmi?

-Rozi boʻlmaysanmi?

-Necha yoshga kirganingni bilasanmi? Uyatni bilasanmi!

-Oshnajon, umr savdosi uyatni ham, yoshni ham bilmaydi. Sen bola, u-bu deb Xudoning ishiga qarshi chiqmagin.

-Bunga Xudoning nima dahli bor?

-Xudo sening yoshlikdagi gunohingni kechib, xatoingni toʻgʻirlamoqchi. Hamro ikkalamizni qoʻshilsin, deb beva qilib qoʻygan, shunga aqling yetmayaptimi?

-Qoʻy bu gaplaringni, Xudoning sendan boshqa tashvishi yoʻqmi?

-Endi gap shu, oshna: rozi boʻlsang boʻlding, koʻnmasang oʻzingdan koʻr.

-Ha, otib tashlaysanmi?
— Yoʻq. Mening niyatim boshqa. Bilib qoʻy, endi-chi, yoshlikda qilmagan ishimni qilaman.

-Nima qilmoqchisan?

-Hamroni olib qochib ketaman. «Singlisi qariganida sherbilaklik polvon bilan qochib ketibdi», degan isnodni koʻtarib yuraveraman», desang, mayli, «rozimasman», deb qaysarlik qilaver. Sening roziliging-chi, oshna, endi menga kapeyka*! Koʻr xassasini bir marta yoʻqotadi. Endi yana yoʻqotadigan ahmoq yoʻq. Senga uch kun srok*. Uch kun ichida nikoh oʻqitsak oʻqitdik, boʻlmasa, dodingni amma-xolangga aytaverasan. Sakson yil oshnachilik qildik, oʻylab koʻrgin, yana oʻttiz yil qarindoshchilik qilsak yomonmi?

-Men oʻylab koʻraman.

-Koʻp oʻylama. Busiz ham soching toʻkilib ketyapti. Men «kalning kuyovi» degan gapdan nomus qilman.

Oshnasining sal pastga tushganidan mamnun boʻlgan Tursunali polvon gapni shu yerda toʻxtatishni ma’qul koʻrdi. «Omon boʻl!»-dedi-da, soydan sakrab oʻtib, uyi tomon yurdi. Oshnasining niyati Teshaboy oqsoqol uchun yangilik emasdi. Hamrobonu beva qolganidan keyin ba’zan hazil, ba’zan chin tarzda gapirib turardi. Ammo hozirgisi hazil emasdi. Shu sababli ham u picha oʻylanib qoldi.

Teshaboy oqsoqol ham iziga qaytgach, chinor panasida pistirmada oʻtirgan ulfatlar oʻrinlaridan turishdi. Shoiralining gʻoyasi bilan hazil oʻrnida boshlangan hangomaning bu darajada chinga aylanib ketishini kutishmagani uchun biroz ajablanib turishdi. Garovda gʻolib chiqqan Shoirali shishaga chertib qoʻyib: «Qalaysanlar, endi?» dedi. Samovorxonadan olib kelingan ichimligu yeguliklar tugagunga qadar ulfatchilik davom etdi. Ertaga oqshom chogʻi samovorxonada uchrashiga kelishib, tarqalishdi.

Samolyot Sotiladimi?

Tun sehridan mas’ud boʻlgan Tursunali polvon ishtaha bilan nonushta qilayotganida tashqarida duradgorlarning taraqa turugʻi boshlandi. «Nima ekan?» deb turishga chogʻlangan edi, kenjasi «men bilib kelaman», deb koʻcha eshigi tomon tez-tez yurib ketdi. Tursunali polvon piyolasidagi choyini ichib boʻlmay, iziga qaytib, duradgorlar koʻprikni kengaytirishayotganini, hademay bu yerda majlis boshlanishi lozimligini bildirdi. Bu xabardan Tursunali polvon gʻashlandi: «Obbo xumpar-e! Dakalatchi ketmagan ekan-da?»-deb oʻylab oʻrnidan turdi. U koʻchaga chiqishga ulgurmay, Qambarali shoshib kelib, voqeadan ogoh etdi.

-Ogoh boʻlib tur, bizning qishloqdan kamroq odam chiqaversin,-deb topshiriq berdi Tursunali polvon.

-Odamlarni raisning oʻzlari ayttiribdilar. Hozir kelib qolishadi, buni tochna bilaman,-dedi Qambarali.

Lektor ular kutganday barvaqt kelmadi. Rais uning toʻyib uxlab olishini kutaverib, boʻgʻilib ketganmi, har holda ensasi qotibroq boshlab keldi. Ular paydo boʻlguncha Tursunali polvon majlisga yigʻilganlarning yarmiga kishi bilmas tarzda ijozat berib yubordi. Raisning buyrugʻiga itoat etib kelganlar Tursunali polvonning marhamatidan quvonib tezgina gʻoyib boʻldilar. Qoʻshni qishloq tomonda nima sababdan odamlar kamayayotganini Teshaboy oqsoqol sezsa ham, oshnasi kabi ish koʻrishga jur’at etolmadi.

Rais lektorning maqtovini keltirib tanishtirgach, oilada tugʻilishni rejalashtirish mavzuida ma’ruza boshlandi-yu Tursunali polvonning sovugʻi oshib ketdi. Lektorning gaplari ma’nisizlik botqogʻidan suv ichayotganida, chidolmay, ikki-uch marta oʻtirgan yerida tizzasiga shapatilab urib qoʻydi. Lektor gapdan tinmas, rais esa majlisni buzib qoʻymasin, deb Tursunali polvondan koʻz uzmay oʻtirardi. Bu nigoh Tursunali polvonni goʻyo kishanlagan boʻlsa-da, u majlisni buzish yoʻlini topdi. Yonida oʻtirgan Sultonalining biqiniga turtib, «gapir» ishorasini qildi. Sultonali bu ishorasiz ham luqma tashlashga payt poylab oʻtirgan edi. Lektor:

-Dastlabki xulosa shuki, oʻrtoqlar, kommunizm uchun kurash hal qiluvchi pallaga kirganida barchamiz partiya belgilab bergan toʻgʻri yoʻldan ogʻishmay borishimiz kerak,-deyishi bilan Sultonali shart oʻrnidan turdi:

-Dakalatchi aka, kechirasiz, bitta savolim bor?

Rais bir Tursunali polvonga, bir Sultonaliga qarab, «qitmirlik qilmasalaring, koʻngillaring joyiga tushmaydi-da, a?» deganday bosh chayqab qoʻydi:

-Joyingga oʻtir, savollar majlisning oxirida boʻladi,-dedi qoʻpolroq tarzda.

-Ungacha gapim esimdan chiqib qoladi,-dedi Sultonali oʻjarlik bilan.

-Mayli, ora-orada savol-javob qilsak ham boʻlaveradi. Qishloq mehnatkashlarining ongini oshirish usullarining barchasidan foydalanish kerak,-deb marhamat qildi lektor.

-Dakalatchi aka, bizning ongimizni oshirish uchun bittagina savolimga javob bersangiz bas,-dedi Sultonali kinoya bilan,- bolaligimizda Xruchchev degan poshshoyimiz «Hozirgi avlod kommunizmda yashaydi», deb va’da qilgan edi. Men «kommunizmda yashayapmiz», deb hotirjam yursam, siz bugun kelib: «kommunizm uchun kurash hal qiluvchi pallaga kirdi», deyapsiz. Qaysi biri toʻgʻri?

-Bilasizmi, oʻrtoq, biz hozir kommunizm ostonasidamiz. Obrazli qilib aytganda, bir oyogʻimiz rivojlangan sotsializmda, yana bir oyogʻimiz esa kommunizmda turibdi.

-Bu ahvolda uzoq turamizmi?

-Bu nima deganingiz?

-Endi... ikki oyoqni kerib turaverish osonmas-da. Chatanagʻimiz yirilib ketmasmikan deyman-da?

-Siz gapimni toʻgʻri tushunmabsiz, oʻrtoq. Kommunizm uzoqda emas, ufqda koʻrinib turibdi.

Lektorning gaplaridan gʻashi kelib oʻtirgan Nurali luqma tashladi:

-Ufqda koʻrinib turgan boʻlsa kommunizmga yetib boʻlmas ekan-da?

-Siz nima uchun burjuacha fikr yurityapsiz, oʻrtoq?-dedi lektor ayblov ohangida.

-Men gapingizga qarab gap aytdim. Ufq deganingiz yer bilan osmon birlashgan joymi? Siz oʻsha tomon yuraverasiz, ufq esa sizdan uzoqlashaveradi. Buning chegi-chegarasi yoʻq. Bu olamda hali birov ufqqa yetgan emas.

-Sizlar obrazli gapni tushunmas ekansizlar. Oʻrtoq rais, kolxozingizda siyosiy tarbiya oqsar ekan. Men bu faktni tegishli joyga ma’lum qilishga majburman.

-Dakalatchi uka, darrov siyosiy xatoga burilib, bizlarni ayblamang-dedi Teshaboy oqsoqol gapga aralashib.- Biz ham kommunizmni uzoq vaqtdan beri kutib yotibmiz. Siz biz omilarga aytib qoʻying-da, kommunizm qurib boʻlinganini qaydan bilamiz?

Bu savol Tursunali polvonga xush yoqib, oshnasiga mamnunlik bilan boqib «Balosan!» deganday im qoqib qoʻydi. Achchiqlana boshlagan lektor esa gapni kalta qilib qoʻya qoldi:

-Radioni eshitib yursangiz, aytishadi. Yoki gazetada e’lon qilishadi.

-Dakalatchi aka, oxirgi savolim,-dedi Sultonali hanuz tik turganicha,- kommunizmda men samolyot sotib olishim mumkinmi?

-Albatta mumkin. Lekin... siz samolyotni nima qilasiz?

-Shoirali oshnamning aytishiga qaraganda, Toshkanda saryogʻ, muzlagan arzon goʻsht boʻlib turarkan. Samolyotim boʻlsa, Toshkandan saryogʻ opkelib turaman-da.

-Kommunizmda oʻrtoq, saryogʻni shu qishloqqa ham olib kelishadi. Toshkentga borishingiz shart emas.

-Teshaboy togʻa, ana, kommunizm qurib boʻlinganini saryogʻ olib kelishganidan bilsa ham boʻlarkan,-dedi Nurali oʻtirgan yerida.

-Avvalgi hafta Toshmatdevona qishlogʻida saryogʻ sotilibdi, deb eshituvdim. Demak, devonaliklar kommunizmlarini qurib boʻlishibdi-da. Unda, Xudo xohlasa, biz tomonlarga ham kelib qolar ekan,-dedi Teshaboy oqsoqol ma’nodor ohangda.

-Oldin saryogʻni olib kelishsin, kommunizm picha turib kelsa ham mayli. Biz shoshadigan odamlardanamasmiz,-dedi Sultonali.

-Oʻrtoq, siz juda koʻp gapirar ekansiz. Qani, ayting-chi, kommunizm qurish boʻyicha sizning oʻz fikringiz bormi?

-Bor boʻlganda qandoq!

-Qani, ayting-chi, biz ham eshitaylik?

-Fikrim borlikka borku-ya, omma bu fikrga oʻzim ham qoʻshilmayman-da.

Tursunali polvon «Boʻldi qil, ja-a oshirvording» deganday yengidan tortib qoʻydi. Sultonali oʻtirgach, savol berish navbatini oʻziga oldi:

-Dakalatchi uka, mendayam bir savol bor: kommunizmda giroy xotinlarga beriladigan pul oshadimi?

-Nima deyapsiz? Kommunizmda geroy xotinlar boʻlmaydi.

-Ie, nega boʻlmas ekan?-Tursunali polvon shunday deb oʻrnidan turib ketdi.

-Kommunizm - ongli insonlar jamiyati. Koʻp bolalilik esa ongsizlik belgisi. Buni jonajon partiyamiz toʻgʻri anglab, sizlarga toʻgʻri yoʻl koʻrsatyapti. Siz esa buni tushunishni istamayapsiz. Hali aytganimday, bu masala tez hal etilishi kerak. Tugʻilish keskin kamaymas ekan, kommunizmdan umid qilmang.

-Nima deding? Ongsiz, deganing bizlarmizmi? Oʻzingda ong bormi?-shunday deb lektor tomon bostirib bormoqchi edi, Sultonali «qoʻying, Batka!» deb bilagidan ushlab qoldi. Tursunali polvon unga itoat etib yurishdan toʻxtadi-yu, biroq, gapidan toʻxtamadi:- Sen partiya deyapsan, a? Naq urushda kommunist boʻlganimda sen otangning planida ham yoʻq eding Partiya - mana menman! Men tugʻilish kamaysin, deganim yoʻq. Bu gapni sen qaysi xomkalladan olding?

Bu doʻq-poʻpisa lektorni gangitib, nima deyishni ham bilolmadi. «Oʻzingiz bir nima deb tinchitasizmi, bularingizni?» deganday raisga najot tilab qaragan edi, u hech nimani tushunmaganday koʻzini olib qochdi. Guzar tomon yugurib kelayotgan Qambaralini koʻrib, sergaklandi. Tursunali polvon raisning bunday oʻtirishiga tushunmay, u tikilgan tomonga qaradiyu, jimib qoldi. Qambarali yugurganicha kelib, Tursunali polvonning qulogʻiga bir nima deb shivirladi.

-Nima? Qachon?-deb baqirib yubordi-da, raisga tikildi.

-Tochna bilib keldim, Batka, ikkalasi ham oʻlibdi,-dedi Qambarali ovozini balandlatib.

-Rais! Rais, deyman! Tush bu yoqqa!-Tursunali polvon shunday deb hayqirib, yuqori tomon vajohat bilan yurdi.

-Ha, tinchlikmi?-dedi rais havotir bilan oʻrnidan turar ekan.

-Agar tinchlik shunaqa boʻladigan boʻlsa, padariga la’nat bunaqa tinchlikning. Bu yoqqa tush, deyapman!

Uning bu vajohat bilan bostirib kelishi yaxshilikdan nishona emasligini sezgan lektor oʻzicha uni tinchlantirmoqchi boʻlib, tartibga chaqirdi:

-Oʻrtoq, majlisga halaqit bermang.

-Hey!.. Majlisingga uray seni. Majlis tamom. Tush, senam, qani bir joʻnab qol-chi. E seni ongli qilib tuqqanni...

Lektorga yaqin orada birov onasini bu holda eslatmagan edi.

-Haqorat qilmang. Men buni raykomga ma’lum qilib qoʻyaman.

Tursunali polvon uning poʻpisasiga parvo ham qilmay, «sen nari tur», deb uni chetga surdi-da, raisni yoqasidan boʻgʻib, pastga sudradi. Atrofdagilarning hay-haylashiga ham qaramadi.

-Sen raismisan yo soʻzining ustidan chiqmaydigan hajiqizmisan? Endi oʻzing ayt: urayinmi yo bira toʻla oʻldirib qoʻya qolayinmi?-dedi raisni changalidan boʻshatmay.

-Tursunali togʻa, tushuntirib ayting, nima boʻldi axir?-dedi rais uning changalidan chiqishga harakat ham qilmay.

-Dard boʻldi! Ja’farning xotini bilan oʻgʻli oʻlibdi!

-Oʻlibdi? Nima boʻlib oʻlibdi?

-Bilmaysanmi? Sen rais emas, sen jallodsan, sen qotilsan! Seni men oʻldirmayman. Ammo miltigʻimni oʻqlab, Ja’farga beraman. Seni oʻzi otib xumordan chiqsin. Omma milisaga «men otdim», deb boʻynimga olaman.

-Mening gunohim nima axir? Ularni men oʻldiribmanmi?

-Samolyotdan zaxarni septirgan senmi yo menmi? Dalaga zaxar septirmayman, deb va’da qilgan kim edi? Ja’faralining xotini bilan bolasi daladan qaytayotganida samolyoting ularning ustidan zaharini sepib oʻtibdi. Ikkoviyam oʻlibdi. Tushunyapsanmi, shu zahardan oʻlibdi! Xotini beshinchi bolasiga homilador edi. Ikkita emas, uchta odam oʻlgan! Uchchovini ham sen oʻldirding!

Raisning bu odam changalida turishiga befarq qarashni partiyaviy vijdoniga zid deb bilgan lektor ularga yaqinlashdi:

-Oʻrtoq, siz adashyapsiz. Ularning oʻzlari aybdordirlar. Texnika xavfsizligiga rioya qilishmagandir. Dorilangan maydonga kirish mumkinmasligini hamma bilishi kerak. Oʻrtoqlar, nimaga qarab turibsizlar? Rahbar xodimni haqoratlashga yoʻl qoʻymang!

-Qani, ongli bola, senam bu yoqqa kel-chi!-Tursunali polvon shunday deb ikkinchi qoʻli bilan lektorni ushlab oldi-da, Qambaraliga qarab, buyurdi:- Qambar, zanjirni olib chiq!

-Togʻa, nima qilmoqchisiz?-deb soʻradi rais havotirlanib.

-Hozir koʻrasan.

-Dorini men oʻzimcha septirganim yoʻq. Bu raykomning buyrugʻi bilan boʻladigan ish.

-Oʻzingning kallang yoʻqmi? Raykom «xalqingni qirib tashla», desa, qirib tashlayverasanmi? Insof bormi senda? Xalqqa yogʻ bermasang, goʻsht bermasang. Uyida borini tortib olsang, gʻing demasa. Endi jonini ham bir-bir sugʻurib olasanmi?

-Togʻa, mayli, nima desangiz deng, nima qilsangiz qiling, mayli raislikni oling. Omma mendan keyin keladigani ham boshqacha ishlolmaydi. Yuqori tuzalmagunicha biz tuzalmaymiz.

-Men bunaqangi gʻishavalarni koʻp eshitganman. Oʻtir ikkovingam. Mana bunday oʻtirlaring!- Shunday deb ularni bir-birlariga orqa qildirib oʻtqizdi-da, zanjirni olib chiqqan Qambaraliga buyurdi:- Qambar, bogʻla bularni!

-Meni nega bogʻlaysiz? Mening bu ishlarga nima daxlim bor?-dedi jonholatda lektor.

-Ikkoving endi garovdasan,-dedi Tursunali polvon zanjir uchidagi xalqalarga qulf urib. Soʻng Nuralini yoniga chaqirdi:- Nurali, sening esing butunroq. Idoraga borib, raykomga telpon qil. Raykom obkomga telpon qilsin. Kattalar bir soat ichida yetib kelishsin. Boʻlmasa, ikkoviniyam otib tashlayman. Qambar, sen miltiqni olib chiq!

Nurali bilan Qambarali buyruqni bajarish uchun ketishgach, lektor yana tilga kirdi:

-Siz hali qonun oldida javob berasiz!

-Sen qaysi qonunni aytyapsan? Odamlarni zaxarlab oʻldirish mumkin, deydigan qonunnimi?

Toʻplanganlar nima qilarlarini bilmay, Teshaboy oqsoqolga «oʻzingiz aralashing» deganday qarashdi. Ularning barchalari «Tursunali polvon toʻgʻri qilyapti», deb hisoblasalar ham bu gʻalvaning oqibatida oʻzlarining ham baloga uchrab qolishlaridan choʻchirdilar. Teshaboy oqsoqol oshnasiga yaqinlashib, bilagidan ushladi:

-Polvon, sal oshirib yubordingmikin, qoʻya qol.

-Aralashma,-dedi Tursunali polvon uni jerkib.- Senga gap tegmaydi, qoʻrqma, bularni bizning qishloq garovga olgan.

-Ja’far bizning qishloqdan-ku?

-Bu masalada qishloqni ajratma. Dard hamma uchun bir.

Oshnasining fe’lini bilgan Teshaboy oqsoqol gapni koʻpaytirmay, toʻplanganlarga yuzlandi:

-Boʻldi, birodarlar, majlis tamom, tarqalinglar.

-Yoʻq, tarqalmanglar! Turinglar,-dedi Tursunali polvon buyruq ohangida.- Manavi dakalatchi dakalatini oxirigacha qilib olsin. Sizlar esa kushxonadagi qoʻylarga oʻxshab moʻltillab turinglar. Hozir xoʻjayinlar kelishadi. Shunda ham dardlaringni aytmanglar. «Rahmat, akajon», deb turaveringlar!

-Oshna, xoʻjayinlar bilan hazillashmay qoʻya qol.

Teshaboy oqsoqolning ijozatidan soʻng tarqay boshlagan odamlarga qarab, Tursunali polvonning figʻoni oshdi:

-Hey, qanaqa odamsanlar oʻzlaring? Qurbaqani bossa ham «vaq» deydi-yu! Odam boʻlsalaring, odamliklaringni bildirib qoʻylaring.

-Polvon, men yoningda qolayin. Sen nima boʻlsang, men ham shu. Omma bular tarqalishsin. Hammasining bola-chaqasi bor, tirikchiligi bor,-Tursunali polvon bu gapni eshitib, hafsalasi pir boʻldi-yu «battar boʻllaring!» deganday qoʻl silkidi. «Oshnam sal boʻshashdi», deb oʻylagan Teshaboy oqsoqol yelksiga qoʻlini qoʻy.- Menga qara, bularni qoʻyib yuborib, ikkalamiz raykomga bora qolsak-chi?

Tursunali polvon oshnasiga «esing joyidami?» deganday qarab oldi. Qambarali olib chiqqan miltiqni yelkasiga osdi-da, «yoʻq», deganday bosh chayqadi:

-Borganimiz bilan sen bilan mening gapimni sariq chaqaga ham olishmaydi. Qambar, Sulton ikkoving Ja’farnikiga boringlar. Janoza shu ikki qishloqning hisobidan. Oʻzi bitta gugurt choʻpi ham ishlatmasin.

Qambarali ketgach, ikovi garovga olinganlarni holi qoldirishdi-da, majlis ahlidan boʻshagan oʻrindiqlardan biriga borib oʻtirishdi. Bir ozdan keyin Nurali qaytib, hisob berdi:

-Raykomdagilar odam yuboramiz, deyishdi. Hozir «hosil toʻplash dolzarb oyi» emish, bekorchi yoʻqmish raykomda.

Tursunali polvonning jahli chiqdi-yu lekin oʻzini tutib: «Shunaqami? Mayli, yuboradigan odamini koʻraylik.Bularni bir soat oldin otamanmi yo bir soat keyinmi, menga baribir, kutaveraman. Bahonada bular bir-ikki soat koʻproq yashab olishadi»,-deb qoʻydi. Bu gapni eshitgan lektorning rangi oʻchib ketdi:

-Nima deyapsiz? Bizni yana qancha ushlab turmoqchisiz?-dedi u alam bilan.

-Buni raykomdan soʻra!

Lektor yana bir nima deb baqirmoqchi edi, rais «qoʻying, foydasi yoʻq, jim oʻtiravering», deb uni toʻxtatdi.

Oradan bir soatcha vaqt oʻtgach, guzarga mototsikl mingan raykom vakili kirib keldi. Bogʻlanganlarni koʻrdi-yu doʻqni boshladi:

-Nima vahima? Bu yerda nima boʻlyapti oʻzi? Bularni kim bogʻladi? Darrov boʻshatinglar! Butun respublika dolzarb oyda fidokorlik namunalarini koʻrsatyapti. Sizlar-chi? Rais aka, bu nima oʻyin?

-Vey, joʻjaxoʻroz, sen kimsan oʻzing?-dedi Tursunali polvon oʻrnidan turib.

-Men raykom instruktori Joʻraqulovman.

-Menga qara, qulvachcha, seni kim yubordi? Men raykom buva bilan obkom buvani chaqirtirganman.

-Siz oʻzingiz kimsiz-ki, raykom sekretarini chaqirtirasiz?

-Meni tanimaysanmi?

-Taniyman. Ammo haddingizdan oshmang. Bularni darrov boʻshating. Boʻlmasa, milisa chaqirtiraman.

-Shunaqami?-kutilmaganda Tursunali polvon uni yoqasidan ushladi.-Qani, senam bularning qatoriga qoʻshil-chi. Teshaboy, bogʻla bu qulvachchani. Ayamay bogʻlayver. Nurali, yana borib telpon qil. Uchta nodon oftobda kuyib oʻtiribdi, degin. Bir soatdan keyin bittadan otaman. Oʻsha gap-gap! Endi hisobga toʻgʻri boʻldi. Sepgan zaharidan uchta odam oʻlgan edi. Uchtaga uchta jon!

Joʻraqulov ham zanjirband etilgach, lektor dod-voyini boshladi:

-Chanqab ketdim, menga suv bering,-dedi u zorlanib.

-Suvni xoʻjayinlar kelganda ichasanlar,-dedi Tursunali polvon parvosiz ohangda.

-Yuragim yomon boʻlib ketyapti, suv bering! Talab qilaman!

-Bir soat chidaysan.

-Bir soatdan keyin nima boʻladi?

-Bir soatdan keyin enangnikiga joʻnataman, ana oʻsha yoqqa borganingda talab qilaverasan.

-Suv beraqol, qahring muncha qattiq. Poshistlar ham aristonlarga* suv bergan,-dedi Teshaboy oqsoqol ularga achinib.

-Ha, poshist aristonlarga suv bergan. Omma poshist dalaga zaharli dori sepib, xalqni zaharlamagan.

Oshnasini yumshatishga urinishdan naf yoʻqligini bilgan Teshaboy oqsoqol koʻprikdan oʻtib, uyi sari yurdi. Tursunali oqsoqol «Bu ham xiyonat qildi-ya!» degan oʻyda izidan nafrat bilan qarab qoldi. Teshaboy oqsoqolning indamay ketishidan rais afsuslandi. Shu paytga qadar oqsoqol oshnasini insofga keltirar, degan umidda oʻtirgan edi. Endi umidi puchga chiqqanini bilib, oʻzi murojaat etdi:

-Polvon togʻa, bu mehmon-ku axir, mehmonning izzati qayda qoldi? Suv bering. Rostdanam bir narsa boʻlib qolmasin.

-Buning ichi nimaga kuyayotganini men bilaman. Kecha moldayin boʻkib ichgan.

-Qancha ichganim bilan ishingiz boʻlmasin, menga suv bering!

-Ha...chanqadilarmi? Bizni ongsiz degan ogʻizchalari qurib qoldimi? Oʻladigan holga keldilarmi? Qoʻrqma, agar rostdanam oʻladigan boʻlsang, joning chiqishidan oldin bir-ikki tomchi tomizaman. Omma suv bermayman. Sen avval odamlarni izzat qilishni oʻrgan. Odamga oʻxshab gapirishni oʻrgan. Iltimos qilishni oʻrgan. Ana undan keyin suv soʻra. Rais, sen unga tushuntir. Bu yerning odamlariga shirin gapirilsa, suv nima ekan, jonlarini ham bervoradilar, degin. Yana aytgin-ki, mabodo agar bugun tirik qoladigan boʻlsa, bundan buyon zinhor qishloqlarga chiqmasin. Dakaladini shaharda oʻqib yuraversin. Bu dimogʻ bilan qaysi bir qishloqda oʻlib ketishi hech gap emas.

Garovga olinganlar taqdirga tan berib oʻtirishdan oʻzga choralari yoʻqligiga amin boʻlib oʻtirganlarida guzarda choynak-piyola koʻtargan Hamrobonu koʻrindi. Unga koʻzi tushgan Tursunali polvon ajablanib, oʻrnidan turib qarshi oldi:

-Ie... Hamro?.. Ovora boʻlib nimalarni koʻtarib yuribsan? Men yaqinginada choy ichganman.

-Mening qoʻlimdan bir piyolagina boʻlsa ham iching,-dedi Hamrobonu.-Anov aristonlaringiz ham ichishsin, savob boʻladi.

-Mumkinmas,- dedi Tursunali polvon uning maqsadini anglab.

-Hoʻp, deyaqoling, endi. Savob boʻladi. «Niyatingizga yeting», deb duo qilishsa, ajabmas, mazlumlarning duolari qabul boʻlib qolsa.

-Duo degin... Ha, mayli, sening sazang oʻlmasin,- Tursunali polvon oʻzi tomon kelayotgan Teshaboy oqsoqolni koʻrib, piching qildi:- Ha, oshnam, tomogʻing qurib suv ichgani kiruvdingmi uyingga?-Oshnasidan javob kutmay Hamrobonuga norozi ohangda buyurdi:- Hamro, choynak- piyolani akangga ber, u ham savobga sherik boʻla qolsin. Sen nomahramlarga yaqinlashma.

Teshaboy oqsoqol miyigʻida kulib qoʻyib, singlisining qoʻlidan choynak-piyolani oldi-da, «aristonlar»ga yaqinlashdi. Hamrobonu Tursunali polvonga «men ketaveraymi?» degan ma’noda qarab qoʻyib, iziga qaytdi. Teshaboy oqsoqol garovga olinganlarning yaqiniga bemalol oʻtirib olib, shoshilmay choy quyib berib oʻtirdi. Tursunali polvon uning bu qiligʻidan gʻazablansa ham, oʻzini bosdi. Choynak boʻshagan pallada guzarda raykom buvaning mashinasi koʻrindi. Raykom sekretari mashinasidan tushdi-yu zanjirband etilganlarni koʻrmaganday Tursunali polvon tomon yurdi.

-Assalomu alaykum, polvon togʻa! Omonmisiz?-Shunday deb Tursunali polvon bilan quchoqlashib koʻrishdi.- Damlikkinamisiz, togʻajon, eshik-ellar tinchmi? Biz tomonlarga oʻtmay qoʻydingiz? Omma bizlarni tozzayam sogʻintirgandan sogʻintirdingiz-a! «Horma, bolam, manavi ishingni chatoq qilyapsan», deyishingizni qoʻmsab qolamiz. Dalada ish koʻpayib, biz ham oʻralashib qoldik. Hali obkomdan, hali sekadan kamissiya kelaverib, tentagimizni chiqarib yubordi, deng. Teshaboy togʻa, siz ham sogʻ-salomatmisiz? Polvon togʻa, eshitdim, Ja’farboyga ogʻir judolik boʻlibdi. Raykom uning oilasiga moddiy yordam ajratishga qaror qildi. Hozir oʻrtoqlar un, guruch, yogʻ olib kelishdi. Ja’farboyning ilgʻor suvchi ekani inobatga olinib, navbatdan tashqari yengil avtomashina ajratdik. Oʻzlari yashayotgan koʻchaga marhumaning nomlarini beramiz. oʻgʻillari oʻqigan maktabda uning nomida faxrli parta tashkil qilamiz. Eng a’lochi oʻquvchilar shu faxrli partada oʻqish huquqiga ega boʻladilar.

Tursunali polvon uning gapga toʻn kiydirishiga mahliyo boʻlgandek jim tingladi. Ammo keyingi qarorini aytganda sabr kosasi toʻlib-toshdi:

-Oʻylab gapiryapsanmi? Oʻgʻli hali maktabga bormagan edi,-dedi jerkib.

-Unda bogʻchada faxrli karavot tashkil etamiz,-deb boʻsh kelmadi raykom sekretari.

-Yaqin orada shu kolxozda bogʻcha qurilganini eshitganmiding?

-Bu yerda boʻlmasa... raysentrdagi bogʻchada...

-Sen xoʻp aqlli bolasan, omma men ham ahmoq emasman. Faxrli karavot tashkil qilganingning Ja’farga nima foydasi bor? Xoʻp, koʻchaga xotinining nomini berarkansan. Oʻgʻlining nomini karavotga berarkansan, onasining qornida oʻlib ketgan bolaga nima deysan? Dalaga chiqayotgan xotinlar bola tashlab qoʻyishyapti. Ularga nima deysan? Samolyotda dori sepishga sen buyruq beruvdingmi?

-Mening bunaqangi buyruq berishga haqqim yoʻq. Men raykomda partiya ishlari bilan, siyosat bilan shugʻullanaman.

Bu gap bilan butun ayb oʻziga agʻdarilganini tushungan rais chiday olmasdan e’tiroz bildirdi:

-oʻrtoq Mamatov, axir tonmang-da! Byurodagi gaplaringiz esingizdan chiqdimi?
— Tonmang? Men tonadigan odammasman. Men bunaqangi buyruq bermaganman.

-Oʻrtoq Mamatov, insofingiz bormi?

-Rostdanam buyruq bermaganmisan yo meni laqillatmoqchimisan? Rais sening ruxsatingsiz bir qadam ham bosmaydi-ku?

-Sizni laqillatib jinni boʻlibmanmi? Polvon togʻa, bu yerda turib gaplashish oʻzbekchilikka toʻgʻri kelmaydi. Uyingizga taklif qiling, axir. Bir piyola choyingizni ichaylik. Kun boʻyi shu yerdaman. Janozani oʻtkazib, keyin qaytaman.

-Sening menga keraging yoʻq. Obkom buvani chaqirtir. Xalqning oldida soʻraydigan gaplarim bor.

-Gapingizni menga aytavering. Obkom buva Maskovga ketganlar. Paxta maydonlariga dori sepishni toʻxtatish masalasini shaxsan oʻrtoq Gorbachevga qoʻyish uchun ketganlar.

Raykom sekretarining ishonch bilan aytgan bu bahonasi Tursunali polvonda yetarli ishonch uygʻota olmadi:

-Rost aytyapsanmi?-deb unga qattiq tikildi.

-Yolgʻon gapirsam... partbiletim bilan qasam ichaymi?

-Yolgʻonga partbiletni aralashtirma. Senlar ikki dunyoda Maskovga borib, masala qoʻyolmaysanlar.

-Biz qoʻyolmasak, oʻzingiz boring, Teshaboy togʻani birga olvoling.

Kutilmagan bu taklif Tursunali polvonni oʻylantirib qoʻydi. Oshnasiga qaragan edi, u ham «ma’qul» deganday bosh irgʻadi.

-Bu gapingda jon bor. Qani, uyga yur-chi. Nurali, miltiqni ushla. Raykom bilan ish pishgunicha bularni qilt ettirmaysan.

-Polvon togʻa, bularni endi boʻshata qoling Siz bilan biz kelishadigan odamlarmiz. Dunyoda pishmaydigan ish bormi?-dedi raykom sekretari yalinish ohangida.

-Yoʻq, bu safar avval gaplarimni eshitasan.

Raykom sekretari noiloj ravishda unga ergashdi. Ular kirib ketishgach, yuqoridan Shoirali, Turgʻunali, Sobitali tushib kelishdi.

-Oʻ, ajib manzara!-dedi Shoirali zanjirbandlarni koʻrib.- Kechagi kinoning ikkinchi seriyasi boshlanib ketibdi-ku? Turgʻunali aka, ana, sizning roʻlingizni endi uch kishi oʻynayapti. Ha, Nurali, soqchilik muborak? Nima boʻldi oʻzi, Batka qani?

-Uyda. Raykom buva kelgan. Gap katta,-dedi Nurali.-Omma Batkaga qoyil qolish kerak.

-Oʻrtoq, siz ancha madaniyatli yigitga oʻxshaysiz. Bizni bu varvarlardan* qutqaring,-deb yalindi lektor Shoiralidan najot kutib.

-Shoirali aka, meni taniyapsizmi? Rayonda siz bilan besh-oltita uchrashuvlarni moʻljallab qoʻyganmiz,-dedi raykom vakili.

-Boshqalarini bilmayman-u raisni yechish kerak. Rais buva, sizni shaxsan oʻzim yechaman,-Turgʻunali shunday deb zanjirbandlar sari yurdi..

-Yaqinlashma!-deb buyurdi Nurali.

-Nari tur!-Turgʻunali uning poʻpisasiga parvo qilmay, zanjirni yecha boshladi. Qarshilik bildirmoqchi boʻlgan Nuralini Shoirali bilagidan ushladi:

-Qoʻysang-chi, bu ish senga yarashmabdi. Bunaqa bema’nilik Batkaga yarashadi. Miltigʻingni qoʻy. Men hozir uyga kirib chiqaman, Batka ozgina pul va’da qilgan. Bir hafta maishatga yetadi.

Turgʻunali zanjirbandlarni ozod qilgach, raisning kiyimidagi changni qoqqan boʻldi:

-Rais buva, traxtir masalasida endi borib ovora boʻlmayinmi?

-Borsang-bormasang, zararini ish haqqingdan ushlab qolamiz.

-Yaxshilikni bilmaydigan bola, bu rais,-dedi Turgʻunali qilgan ishidan pushaymon yeb.

Shoirali Tursunali polvonning uyi tomon yurgan edi, Nurali unga miltiqni uzatdi:

-Manovi mataxini olib kirib ber. Boʻshatganingni ham ayt, keyin menga osilib yurmasin.

-Sen ketib qolma. Maishat qilamiz,-dedi Shoirali miltiqni olib.

-Maishating nimasi? Esing bormi? Qishloqda janoza-ku?

Shoirali «Janoza kechgacha boʻlmaydi-ku?» deyishga ogʻiz juftladi-yu Nuralining norozi qarashi tufayli indamay qoʻya qoldi.

Hozirgina zanjirbandlikdan qutilganlar chinor tomonda, boshqalar pastroqda uydagi muzokaraning yakunini toqat bilan kutib oʻtirishdi. Oradan yarim soatcha vaqt oʻtgach, eshikdan Shoirali chiqib keldi. U chinor tomondagilarga bir qarab qoʻydi-yu, lekin jilmayganicha ulfatlari tomon yurdi.

-Ha, ja ogʻzing qulogʻingda?-deb soʻradi Nurali.

-Osh pishdi, ogʻayni. Raykom buvang chollarning tilini biladi-da. Kirsam, Batkaning shashti baland. Maskovga borib Gorbachevning yoqasidan oladigan. Shu bugunoq yoʻlga chiqmoqchi. Teshaboy togʻa Hamrobuvi bilan boʻladigan ahdu-paymonni ishora qilib qoʻyuvdi, raykom buva ilib ketdi. Sovchilikni boʻyniga oldi. Batka ham chatoq-da, «mening ishim sovchilarsiz ham pishib boʻlgan», deydi. Unisi u dedi, bunisi bu dedi, hatto Teshaboy togʻa «singlimni olsang, shu hafta ichi olasan, boʻlmasa yoʻq», deb poʻpisa ham qildi. Batka boʻsh kelmadi. Xullas, Teshaboy togʻa ham Maskovga boradigan boʻldi. Yana uchta giroy xotin ham borarkan. Turgʻunali aka, chamadonni tayyorlang, yangam ham roʻyxatga tirkaldi.

-Nega mening xotinim borarkan?-deb ajablandi Turgʻunali.

-Batkaning aytishicha, yangam «boevoy xotin»* ekanlar.

-Batka uylanmaydigan boʻldimi?-deb soʻradi Nurali.

-Kim senga shunaqa dedi? Maskovdan qaytgan kuni toʻy-da! Ana, men va’damning ustidan chiqdim. Endi meni bir hafta palovxontoʻraga toʻydirib boqasanlar.

-Agar gaping rost boʻlsa, seni bir hafta emas, oʻlguningcha boqamiz. Sultonali ikkovimiz seni oʻgay oʻgʻil qilib olamiz.

* * *

Biz eshitgan hangoma shunday yakun topdi.

Oradan bir yil oʻtib esa…

Erta tongda har ikkala qishloqda karnay-surnay ovozlari yangradi. Soʻng bolalarning quvnoq ovozlari eshitildi:

-Suyunchi beringlar!

-Suyunchi, suyunchi!

-Tursunali togʻam oʻgʻil koʻrdilar!

-Oʻgʻil! Oʻgʻil!

Shodiyona avjiga chiqqan pallada yasanib olgan Tursunali polvon koʻchaga chiqdi. Huddi shu onda soyning nariga betidagi guzarda Teshaboy oqsoqol koʻrindi.

-Ha, oshnam, oʻgʻillar muborak endi!-dedi Teshaboy oqsoqol unga quchoq ochib.

-Jiyanlar muborak!-dedi Tursunali polvon unga peshvoz chiqib.

Ular yuz yil uchrashmay sogʻingan qadrdonlar kabi koʻrishdilar.
— Qayoqqa ketyapsan?-deb soʻradi Teshaboy oqsoqol.

-Roddomga. Bitta xoʻrozni soʻyib, shoʻrva qildim. Obborib beray. Soʻng zagsga* oʻtib metrkasini olayin.

-Ismlari nima boʻladi endi?

-Ismlari oʻzi bilan-ku? Saksonalida.
— Yoʻq, oshna, adashma, Saksonboy boʻlishi kerak.
— Nega endi?

-Bizning urugʻda ismga «boy» qoʻshiladi.
— Sening urugʻing boy boʻlsa, oʻzingga qoʻyaver. Oʻgʻil bizning urugʻ: Saksonali boʻladi.

Tursunali polvon shunday dedi-yu Sherqoʻzi qishlogʻi tomondagi «Qahramon onalarimiz» koʻrgazmasidagi Hamrobonuning suratiga koʻzi tushib, Teshaboy oqsoqolga norozi qiyofada qaradi:

-Ie, oshna, bu nima qilganing?

-Ha, bu ham yoqmadimi? Hamro qaysi qishloqning qizi?

-Olib tashla. Hamro Sherbilakning giroy xotini. Biz senlardan yana oʻtib ketdik.

-Bekor aytibsan. Bitta oʻgʻil seniki, toʻqqiztasi bizniki.

-Menga qara, oshna, janjal qilma, kelishaylik. Mayli, Hamroning surati ikkala tomonda ham tursin. Bolaning otini ham oʻrtada qoʻyaylik: «Sakson»i sendan, «ali»si bizdan.

-Menga qara, oshna, odamlar kulishyapti. Endi talashmayoq qoʻyaylik. Ikkala qishloqni birlashtiraylik.

-Yaxshi,oʻylabsan, «Sherbilak» degan kattagina qishloq boʻlsin.

-Nega endi «Sherbilak» boʻlarkan?

-Qishloqning nomi bizdan, sen esa unga rais boʻla qol.

-Raislikka sen tuzuksan. Yaxshisi, qishloqning nomini oʻrtadan chiqaraylik.

-Bu gaping ham ma’qul. «Sher»ni senlardan olamiz, «bilak» esa bizdan.

-Ha, qoyil... -shunday deyishga dedi-yu oshnasining hiylasiga chuv tushganini anglab, kuldi:- ie, unda yana «Sherbilak» boʻladi-ku? Kel, «Sherqoʻzi bilak» deb qoʻyaylik.

-Shu ham ot boʻldi-ku! Juda ham nodonsan-da! Qoʻzida hech bilak koʻrganmisan? Agar qaynogʻam boʻlmaganingda boshqa gap aytvorardim.

-Qani, ayt, aytaver, ichingda qolmasin!

-Ke, qoʻy, tilimni qichitma. Meni yoʻldan qoʻyma. Sen bilan osh pishirib boʻlmaydi. Qishlogʻim senikiga qoʻshilmaydi,-Tursunali polvon shunday deb oʻz yoʻliga ketmoqchi edi, oshnasi yoʻlini toʻsdi:

-Toʻxta, kelishamiz.

-Kelishmayman. Qirq yil kelishib kelganim yetar. Singling endi meniki. Men nima desam, shu boʻladi!

-Shunaqami? Unda bilib qoʻy: Hamro - Sherqoʻzining giroy xotini!

-Bekor aytibsan! Hamroning Saksonboy degan oʻgʻli bor. Bu oʻgʻilning otasi esa menman! Hali sen qarab tur, Hamro ikki marta giroy boʻladi!

-Agar mening gapimga koʻnmasang, singlimni sendan chiqarib olaman.

-Tushingni suvga ayt. Menday yigit turgan joyda Hamro sendaqa akaning oʻntasidan kechvoradi!-Tursunali polvon shunday dedi-yu gʻolib odamning yurishi bilan qadam bosdi. Teshaboy oqsoqolning «Nega kecharkan?» deb oshnasiga ergashishdan oʻzga chorasi qolmadi.

Ertasiga ertalab esa yana karnay-surnay, nogʻora ovozi yangradi. Keyin jarchining ovozi eshitildi:

-Odamlaru odamlar, eshitmadim demanglar! «Qoʻzibilak» qishlogʻining raisi Tursunali togʻa oʻgʻillari Saksonboyning tugʻilishi va qishloqning birlashuvi bahonasida elga osh beryaptilar. Oshga marhama-at!!!

* * *

Xoh ishoning xoh ishonmang, hangoma shu bilan yakun topdi. Ehtimol hangomaning ayrim sahifalari sizlarga lofday koʻringandir. Iltimos, hukm chiqarishga shoshilmang. Yoshingiz saksondan oshganda vaqt topib, bu hangomani yana qayta oʻqing. Ana oʻshanda fikringiz oʻzgarishi aniq.

Qoʻshimcha sifatida shuni bayon etaman-ki, hangomaning dastlabki satrlarini Saksonboyning tugʻilishi munosabati bilan berilgan oshni yeb kelib yoza boshlagan edim. Hajv sohasida noshudroq boʻlganim sababli oxiriga yetkazish biroz choʻzildi. Xudoga shukrkim, mana bugun, Qoʻzibilak qishlogʻida Toʻqsonboyning tugʻilishi munosabati bilan tortilgan oshdan qaytib, yakunlovchi satrlarni yozyapman.

Darvoqe, aytishlaricha, Saksonboy tugʻilganida Hamrobonu kelinlari va qizlaridan biroz uyalgan ekanlar. Endi unaqa emas emish. Yana aytishlaricha, Tursunali polvon qaynogʻasini yana bitta xotin olishga koʻndirolmay halak emish. Bu gapning aniqligiga kafolat bera olmayman. Yana oʻzingiz bilasiz...

Soʻzlar manolari

«Sherbilak» va «Sherqoʻzi» qishlogʻi ahlining soʻzlashuv tilida uchraydigan ayrim «chistiy» oʻzbekcha soʻzlar uchun izohli «spets» lugʻat

  • «chistiy» oʻzbekcha – sof oʻzbek tilida soʻzlashgan bobolarimizga ancha qiyin boʻlgandir?
  • «spets» – ruslar negadir «spetsialniy» deydilar. Agar tilingiz kelishsa «maxsus» deganingiz ma’qul;
  • «Malades» – ruschasiga «molodets»ni «barakalla» deb ishlatadiganlar ham bor.
  • «Giroy» – «geroy»ni «qahramon» deb qoʻllovchilarga qoyil qolamiz;
  • «Razvedka qilib kelayinmi?» – «Surishtirib, aniqlab kelayinmi?» deyilsa ehtimol koʻpchilik tushunmas?
  • «Zakun» – «zakon» soʻzi «qonun» ma’nosini anglatishini bilib olarmiz?
  • «Pechat» – muhr;
  • «Svejiy» – yangi;
  • «Stolichniy» malchik» – bu atama dunyodagi hech bir izohli lugʻatda yoʻq, qidirib ovora boʻlmang. Ma’nosi: «Stolichnaya» (ya’ni «Poytaxt») deb atalmish aroqning nomi;
  • «Lichna» – «lichno», ya’ni shaxsan;
  • «Ukaz» – farmon (hukumat farmonlari bu tushunchaga kirmaydi);
  • «Ekstrenniy» – shoshilinch, tezkor;
  • «Sekretniy» – mahfiy;
  • «Ucheniy» – olim(bu yerliklar «olim»ni tan olishmaydi, «ucheniy» deyilmasa tushunishmaydi);
  • «prostoy soldat» – oddiy askar;
  • «Kapral» – harbiydagi eng quyi unvon aslida «efreytor» deb yuritiladi;
  • «Ispisat» – hisobdan oʻchirish;
  • «Mobilizatsiya» – safarbarlik;
  • «Roddom» – qaylardadir ayollar «tugʻruqxona»da emas, «roddom»da tugʻadilar;
  • «Ekspertiz» – «ekspertiza», ya’ni maxsus tekshiruv;
  • «apirist» – «aferist», ya’ni firibgar;
  • «Dakalatchi» – «doklatchik», ya’ni ma’ruzachi;
  • «Pripiska» – qoʻshib yozish;
  • «Avariy» – «Avariya», ya’ni halokat; «Traxtir» – traktor dastlab bu qishloqqqa kelganda «oʻt-omoch» deb ham yuritilgan. Endigilar osongina «traxtir» deb qoʻya qolishadi;
  • «Aktiv» – faol; «Savsem» – umuman; «Mestniy nasionalniy motam» – «milliy mahalliy motam»;
  • «Xaladiyna» – «xolodilnik», hozir «sovutgich» deymiz;
  • «Problema» – muammo;
  • «Nizkiy pastkash» – oʻtaketgan pastkash;
  • «Plan» – reja;
  • «Raz aytdimi» – «aytgan gapi – gap!
  • «Gapimga atvechat» – aytilgan gapga javob berish; «Mestniy shoir» – yozgan she’ri mahalla tashqarisiga chiqsa sharmanda boʻluvchi shoir;
  • «Davno» – allaqachon;
  • «Atchet» – «otchet», ya’ni hisobot;
  • «Srazu» – birdaniga; «Chto siz, Batka?» – nima deyapsiz, otaxon?
  • «Kvota» – miqdor, ya’ni majlisga kelishi lozim boʻlganlar soni;
  • «Seka kepeses politbuyrosi» – SK KPSS, ya’ni Sovet ittifoqi Kompartiyasi Markaziy Qoʻmitasi siyosiy byurosi;
  • «Kim za?» – kim qoʻllab ovoz beradi?
  • «Danniy» – ma’lumot;
  • «Kelametr» – kilometr;
  • «Uchetda» – hisobda;
  • «Uchetchik» – «schetchik», ya’ni hisoblagich;
  • «Uskorena» – «uskorenie» – jadallashtirish, tezlashtirish;
  • «Lichniy masala» – shahsiy masala;
  • «Vsesoyuzniy» – butunittifoq;
  • «Atmenit» – «otmenit», ya’ni bekor qilish.
  • «Otstavit» – bekor;
  • «Tilgrom» – «telegramma»ning jarangdor shakli;
  • «Ocherek» – maqola turi, muxbirlar tilida «ocherk» deyiladi;
  • «Nastroeniyasi ne to» – kayfiyati yoʻq, roʻpara kelinmagani ma’qul;
  • «Pajaliska» – ruslar «marhamat» degan soʻzni qiynalib «pojaluysta» deydilar;
  • «Pryamoy» – toʻgʻridan toʻgʻri; «Beliy goryachka» – «Belaya goryachka», ya’ni mayxoʻrlik oqibatida yuzaga keluvchi vasvos xastaligi;
  • «Beliy noch» – «Belaya noch» – shimoldagi oydin tunlar;
  • «Revolusiya» – «revolyutsiya», ya’ni inqilob;
  • «Jensovet» – ayollar kengashi;
  • «Brak» – sifatsiz;
  • «Kapeyka» – bir tiyin;
  • «Srok» – muddat;
  • «Ariston»- «arestovanniy» ya’ni, mahbus;
  • «Varvar» – yovvoyi;
  • «Boevoy xotin» – jangari xotin;
  • «ZAGS» – fuqarolik holatini qayd etuvchi idora;
  • «Metrka» – tugʻilganlik haqidagi guvohnoma.
Izoh: Lugʻatga kirmagan yana oʻnlab soʻzlar borkim, bularni oʻzlaridan soʻrab-bilib olarsiz...