OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiMalades qizlar (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/05
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Malades qizlar (hajviya)
Tohir Malik

Fel’eton yoki hajv deb oʻylamang, mazkur bayon oʻzini Julqunboyning oʻrtancha jiyani deb hisoblovchi, yozgʻuvchilikka havasmand qoʻshnim bilan kaminaning choyxonadagi kundalik gʻiybatlaridan bir shingil xalos.

Hoy, bolangdan aylanay, man na deyman-u qoʻbizim na deydi? Rahmatli otang Abdumalik aka bunaqa emasdi, moʻmingina edi bechora. Hadeb noliyverasanmi, nomardgina! «Yoshlar unaqa», deysan - mingʻirlaysan, «qizlar bunaqa», deysan – voyvoylaysan. Hamma da’volaring bekor, oʻzbekchasiga aytganda «kapeyka»! Yoshlarimiz meravoy, qizlarimiz malades – shundan boshqa gap yoʻq! Aybning dodaxoʻjasi oʻzingda. Kecha choyxonada Solining nosidan otib olgandan keyin nima deding? «Uyatsiz qizlar kalta yubka kiyyapti», dedingmi? Aslida qizlar emas, oʻzing uyatsizsan. Yoshing oltmishdan oshib, sochingda bitta ham qora tola qolmagan boʻlsa-yu yana qizlarning yubkasiga tikilasanmi, koʻzginang teshilmagur! Bunaqa yurish senga emas, boʻydoq yigitlarga atalganiga aqlginang yetmaydimi, galvars! Kalta koʻylak kiygan qizlarni koʻrmagan yigit nikoh kechasi talvasaga tushib qolmasin, ungacha koʻzlari pishib tursin, degan yaxshi niyatda sonlarini koʻrsatib yurishadi.

Sen mingʻirlasang mingʻirlayver, ammo men malades qizlarimizga besh ketaman. Bizning qizlar hamma tomondan malades. Gʻalvirda qaynatma shoʻrva pishirib beradigan qizlarga qoyil qolish kerakmi yo yoʻqmi? Shunday qizni kelin qilgan xonadon magazindan tuz sotib olish tashvishidan butunlay qutuladi-yu peshonalarining shoʻriga bodring tuzlab yuraveradi. Bozor iqtisodi degan zamonda shunaqa kelinlarning bozori chaqqon boʻladi. Uzun koʻylak kiyadigan qizlarning sepiga oʻnta koʻylak uchun kamida oʻttiz quloch mato sotib olasanmi? Kalta koʻylakka bir quloch olsang, oʻttizta koʻylakka yetadimi? Agar bitta shim olib bersang, pensaga chiqqunicha kiyadi. Qoyil qolish kerak, tizzalari-yu dumba tomonlari shilinib, titilib ketgunicha kiyaveradi. Shim tor kelib qolmasin, deb qomatini pensaga chiqqunicha bir xilda saqlaydi. Keng koʻylak kiyadiganlarni qara-chi, bitta tuqqanidan keyin semirib, erining quchogʻiga sigʻmay qoladi.

Hoy dovdir, sen bilib-bilmay vaysayvermagin. Kindigini ochib qoʻygan boʻlsa nima qilibdi? Bor ekan-ki, koʻz-koʻz qilib qoʻyibdi, yoʻq boʻlsa nimani koʻrsatardi? Dimoqqinangga qurt tushgur, gapirishdan oldin oʻylash kerak. Malades qizlarimiz bir ish qiladigan boʻlsalar, oʻylab, foydasi boʻlsagina qiladilar. Sen kindiklarini ochib yurishlarini gapiraversan, gapiraverasan, «shamollab qolishadi, bepusht boʻlib qolishadi, farzand dogʻida oʻtishadi», deb havotirlanasan-a! Bu yoqda muhimroq masala turibdi. Sen mendan «Nega kindiklarini ochib yurishadi?» deb soʻragin, men sababini tushuntirib beray. Soʻradingmi? Endi eshit: bola onaning qornida qanday ovqatlanadi? Shu kindik orqalimi? Ha, tuzuk, hech boʻlmasa shuni bilar ekansan. Malades qizlarimiz ham bilishadi. Nodon yigitlar esa bilishmasa kerak. Shulardan bittasi qizlardan «onangning qornida qanday tirikchilik qilgansan?» deb soʻrab qolsa, uzun koʻylakli qiz bechora nima qilsin, koʻchaning oʻrtasida etagini koʻtarib koʻrsatsinmi? Shu savolni kuyov bola toʻy paytida soʻrab qolsami? Kelinni kiyintiradigan yangalar shu nozik masalani oʻylashmayapti. Kelin bola toʻygacha koʻchada qanday yurgan boʻlsa, toʻyda ham kindigini ochib oʻtirish shart. Aqlli odam nozik savolga nozik imo bilan javob qilishi kerak.

Voy, dardingni olay! «Qizlarning qulogʻiga gap kirmaydi» deysanmi? Xudo malades qizlarning qulogʻini gap kirishi uchun yaratganmi? Qoʻysang-chi, bunaqa tuzsiz gapingdan koʻnglim ayniydigan boʻlib qolibdi. Malades qizlarning qulogʻi gap uchun emas, tilla-yu javohir ziraklarni koʻz-koʻz qilib taqib yurish uchun yaratilgan. Sen mard boʻlgin-u malades qizlarga tan bergin. Oldingi xotinlarda farosat yetishmasdi. Eri erib ketib ikki-uch juft zirak olib bersa, bir hafta bittasini, ikkinchi hafta boshqasini taqib yurardi. Malades qizlarimiz quloqlarining uch-toʻrt yeridan teshdirib olishdimi? Birdaniga toʻrt juft zirak taqib yurishsa yomonmi? Ziragi besh juft boʻlsa, ota goʻri qozixonami? Ming marta qoyilman, burinni teshib, taqib yurishibdi-ku? Tanti boʻlsang, olib beraver, oʻn juft tilla zirakka ham joy topishadi. Labga taqish mumkin, betga taqsa ham boʻladi. Yana tili ham bor. «Tilga zirak taqib boʻlmaydi», deysanmi? Ovqat yeya olmaydimi? Yigitligingda ot mingan eding-ku? Yem berishdan oldin otning ogʻzidan suvligʻini olib qoʻyarmiding. Malades qizlar ham tillaridan ziraklarini olib qoʻyib, maishatlarini qilaveradilar-da. Yana... aytsammikin yo aytmasammikin... Xullas, bir-ikki yilda mammalarini ochib yurish urf boʻlsa, ana unga ham baldoq taqish mumkin. Baldoqli mamma! Qari boʻlsang ham mayli, bir tasavvur qilib koʻr-chi, etlaring jimirlashib ketdimi? Nima deding, qaytar-chi? «Gap u qulogʻidan kirib, bu qulogʻidan chiqib ketadi» deysanmi? Hech unday emas. Gap degani malades qizlarning ikkala qulogʻidan kirib ogʻzidan chiqadi. Shuning uchun ham gapga chechan boʻlib ketishyapti-da. Sen bilan men yoshligimizda qizlarga gap otsak nima boʻlardi, ular uyalib, yerga qarashardi, sen bilan men esam koʻkrakni kerib turaverardik. Malades qizlarga gap otgan yigitlarga qaragin. Bitta gapiradi-yu mingta javobdan gangib, sichqonning inini ming tangaga ijaraga olib qochvoradi. Menga bitta olim odam aytdi, malades qizlarimiz til xazinamizni ham boyitib tashlashibdi. Gap otgan yigitlarga qarab «Oʻ harif, quloqqa nega lagʻmon osvotsan, duhing yetadimi oʻzi!» deyishlarining oʻziyoq bebaho ekan. «Harif»ning oʻrniga «kozyol», «toʻnka» «chuchmek»... deyishsa, boylik ustiga boylik-da! Ertaga bittasi oʻsha «kozyol»ga, ikkinchisi «chuchmek»ka erga tegsa, u yogʻini toʻydan keyin kelishib olaverishadi. Mana shunaqa qizlar kelin boʻlganida gap gapirgan qaynonasini iyagidan ilgakka osib qoʻya qoladi. Bu ham koni foyda! Keliniga kam gapiradigan qaynonaning umri uzoq boʻlishini doʻxtirlar aytishgan. Xoʻp, bitta da’voingga qoʻshilay: ularga gapirish kerak, ular kattalarning gaplarini quloqqa olishlari shart. Lekin buning uchun Xudodan soʻrashimiz zarur, malades qizlarimizning peshonasigami yo boʻshroq biron yerigami yana bitta quloq ishlab bersin.

Yuzlariga upa chaplashlarini aytyapsanmi? Buni gapirmasang ham boʻlardi. Bu ham siyosiy, ham xalqaro masala. Farangistondami yo Xitoydami ishlab chiqarilayotgan sifatsiz upalar-u labboʻyoqlarni bizning malades qizlar sotib olib, chaplashmasa kim sotib oladi? U yoqdagi fabriklar toʻxtab qolsa, ishsiz koʻpaysa, bizga isnod emasmi? Ularning oldida uyalib qolmasligimiz uchun boʻyoqlarni ikki hissa koʻpaytirib chaplash kerak. Nima deysan? Ha... toʻgʻri aytasan, shunaqa chatoq tomoni ham bor... Kechqurun aftidagi boʻyoqlarni yuvib tashlasa, arvohbasharani koʻrgan er qoʻrquvdan jinni boʻlib qolishi ham mumkin. Shuning uchun boʻyanadigan qiz-juvonlarning yuzlarini yuvishni ta’qiqlaydigan qonun qabul qilish kerak. Yana nima deyapsan? Qoʻy, endi bu yogʻiga oʻtma. Er jonivor xotinining yuzidan oʻpmasa, oʻpmabdi. Ozgina qiynaladi-yu, keyin koʻnikib ketadi. Nima? E, yoʻq, «xotinni yuzidan oʻpmasin», degan qonun chiqarib boʻlmaydi. Orada shayton bor, qonunni buzib qoʻysa, er baloga qoladi. Bu ihtiyoriy masala!

Malades qizlarning chekishlariga osilaverma, sen bola! Ovrupoda chekishga qarshi kurash kuchayib, hamma chekishni tashlayotganda sigaret sanoati nima qilsin? Tarozining bir pallasi boʻshasa, ikkinchi pallasi bosib turadi. Shunaqa boʻlgandan keyin chekadigan qizlarga balli, deyavergin.

Koʻzlaringga besh ketdim! Malades qizlarning bilagidagi ajdar suratini ham koʻribsanda, a? Vaqqos aka poshistni iniga kirgʻizvorib, urushdan qaytganida barmoqlaridagi «Vanya» degan soʻzni ham birinchi boʻlib oʻzing oʻqigan eding. Bilagiga ajdar suratini solishsa, malades qizlarimizni ayblama. Butun dunyo qizlari bilagi-yu boshqa joylariga ajdar suratini solib yurganida, biznikilar qurbaqanikini soldirishsinmi? Shu masalaga kelganda esing pastligi sezilib qoladi. Oʻylab qaragin: bir bilagiga ajdar, ikkinchisiga boʻgʻma ilon suratini tushirgan qizni toʻxtatib, gap otishga yuragi betlaydigan oʻgʻil bola bormi biz tomonlarda? Yana oʻylagin: kelinsalomdan keyin malades kelinimiz qoʻliga supurgi olganida bilaklari ochilib, qaynonaning koʻzlari ajdar suratiga tushib qolsa... Supurgini kelinposhshaning qoʻllaridan olib, xizmat qilishni boshlab yuborganini qaynonaning oʻzi ham sezmay qolar? Bilagidagi ajdar oʻt purkab turganda qaysi er xotiniga bir nima deyishga jur’at etadi? Bilakda ajdar bormi, demak, oilada qaynona-kelin janjali yoʻq, er-xotin mashmashasi yoʻq. Oilaning hotirjamligi uchun yana nima kerak? Menga qolsa «Hamma xotinlarning bilagida ajdar surati boʻlsin», deb qonun chiqarib qoʻyardim. Toʻxta, sen hovliqma, kampiringning bujmaygan bilagiga yuzta ajdarning suratini tushirsang ham, endi foydasi yoʻq. Vaqt oʻtgan...

Yigit bilan qizning kuppa-kunduzi, hammaning koʻz olida achomlashib yurishlaridan gʻashing keldimi? Qariganingda yaxshi bilan yomonning farqiga borolmay qolibsan. Qorongʻida, pana-panada visir-visir qilib oʻtirgandan koʻra, shunday yurgani ming marta yaxshi-ku! Ehtimol koʻchada bironta tanishi yo qoʻshnisi koʻrib qolar. Quvonib ketganidan qizning uyiga suyunchiga yugurar. «Qizingiz suqsurdek yigitni boʻynidan bogʻlab, koʻchada it yetaklagandek yetaklab yuribdi», desa otasining qanchalik faxrlanishini hisobga olmaysanmi?

Sochlarini boʻyashlarini umuman tilga olma. Erning shuhrati nima bilan oshadi? Koʻp xotin olish bilan. Kimning xotini koʻp boʻlsa, oʻshaning choyxonadagi martabasi ham baland. Hozirgi yigitlar bitta xotinga qanoat qilishyaptimi? Unda obroʻ, shon-shuhrat nima boʻladi? «Erni er qiladigan ham, yer qiladigan ham xotinmi?» Erga tegayotgan qiz soch boʻyashni oʻrniga qoʻysa, bas, kuyov bolaning baxti chopibdi, deyaver. Bunaqa xotin bir hafta davomida qop-qora sochda yuradimi? Ikkinchi hafta qarasang, baxti chopgan er sariq sochli jonon bilan ketyapti. Keyingi oyda qizil sochli. Iya, bu lochinning uchta xotini bor ekan, deb oʻylab tan berasanmi?

Sening bir yangilikdan xabaring yoʻq. Agar bolaligingda jugʻrofiya oʻqigan boʻlsang, yer yuzida Afriqo degan qit’a borligini bilarsan. Xudo qora-qura bandalarining hammasini shu yoqqa tashlagan. Osmondan yerga tushayotganida yarmidan koʻpining kiyimi bulutlarga ilashib qolgani uchun yerga yalangʻoch tushib, shundayligicha qolgan. Ovrupoda goʻzallar koʻrigi boʻlishini eshitgandirsan. Oʻsha Afriqoda yalangʻochlarning dunyo koʻrigi boʻldi. Bizning malades qizlardan ikkitasi ham borib qolgan ekan. Ularning yurish-turishini koʻrib, yalangʻochlarning hammasi uyatdan qochib qolishibdi. Bunga ham qoyil emasmisan? Ha, qariganingda ichi qora bir mahluqqa aylanibsan.

«Oʻzing ham qizlarga koʻp qaraydigan boʻlib qolyapsan», dedingmi? Ha, qarayman-da. Lekin senga oʻxshab suqlanib tikilmayman. Mening qarashim – ilmiy qarash. Bilasanmi, Xudo odamni tuproqdan yaratgan-a? Xotinlarni-chi, nimadan yaratgan? Bilmasang, bilib ol: xotinlarni erlarning chap qovurgʻasidan yasagan. Ishonmasang, koʻkragingni ochib chap qovurgʻangni sana, bitta kam boʻlmasa basharamga tupur! Malades qizlarga qarashimning sababi ham shunda: «bularning qaysi biri mening qovurgʻamdan yaralgan ekan?» deb qarayman. Xudoga shukur, bularning orasida mening qovurgʻamdan yaralgani yoʻq. Voh! Bu gaping tentakona boʻldi-ku! Qaytar-chi! «Bu qizlar odamning emas, biron uyatsiz yovvoyi mahluqning qovurgʻasidan boʻlgan» dedingmi, a? Bu gapni menga aytding, boshqa yerda laqillab yurma-ya! Yovvoyi mahluqlar ustingdan Xudoga arz qilsa, baloga qolasan.

Kel, qoʻy, bugun ikkalamiz ham juda-a, aynidik. Gapdan koʻra, atrofga maza qilib qaraylik, koʻzlarimiz zavq olsin. Ana, anavi qizni koʻryapsanmi... faqat kindigiga qarama, gunohga botasan. Nega koʻzingni yumib olding, dunyoning lazzatini bilmaydigan gʻirt ahmoq ekansan-ku, a?

JOʻRJ togʻamizning xangomalariga bir soʻz qoʻshishga ham, yoinki olib tashlashga ham haqqimiz yoʻq. Nima degan boʻlsalar, qogʻozga bekami-koʻst tushdi. La’nat toshini otmoqlikni istagan qizlar JOʻRJ togʻamizni boraverishda oʻng tomondagi choyxonaning bir oyogʻi singan soʻrisidan topadilar. Xangomaga jindekkina izoh lozimga oʻxshab qoldi: Oʻrislardagi «Malades»soʻzi bizda «mard»ni anglatadi, oʻzbekchasiga «oʻgʻil bola» yoki «er yigit» degani. Choyxonadagi hangomani aynan qogʻozga tushirganimiz sababli «malades qiz»ni ham oʻzicha olaverdik, deb imzo chekaverdim.: