OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiMarhabo, talantlar! (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/05
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Marhabo, talantlar! (hajviya)
Tohir Malik

«
Lof uchrab qolsa, ma’zur tutgʻaysiz
»

Avvalgi asrda Yoʻqqulobodda emas, oʻzimizning televidenieda «Marhabo, talantlar» degan koʻrsatuv boʻlardi. Unda turli tuman ashulakashlaru raqqosalar kashf qilinardi. Garchi u koʻrsatuv allaqachonlar yoʻq boʻlib ketgan boʻlsa-da, bizda emas, Yoʻqqulobodda uning ish usulidan foydalanish davom etayotgan ekan. Kim Sherlok Xolms haqidagi asarni oʻqigan boʻlsa, tasodifan yoʻqolgan artistni topish voqeasini eslasin. Esladingizmi? Ha, barakalla. Oʻsha artistga teatrda gado rolini oʻynash topshirilgan ekan. U gadolar hayotini chuqur oʻrganish uchun grim qilib, ya’ni oʻzini gado qiyofasiga solib, koʻchaga chiqib oʻtiradi. Hayotni oʻrganish shu bilan tugaydi-ki, uning kundalik tushumi teatrdagi maoshidan koʻp boʻlgani uchun, gadolik qiyofasidan chiqmay, tilanchilik bilan kun kechiraveradi.

Hozirgi kunda Yoʻqqulobod tomonlarda ham ana shunday talantlar paydo boʻlib qolgan.Ularning baxtiga tunda yomon tush koʻruvchilar koʻp, yomon tush koʻrganda keyin u-bu atash kerak. Bu talantlar sadaqa bergisi kelganlarning mushkulini oson qilishadi. Metro yoki avtobusning gavjum bekatlarida, ta’bir joiz boʻlsa, oʻzlarining «shtab»larini ochishadi. «Shtab» deganimizga ajablanmang. Bu shtabning boshligʻi bor, askarlari bor, kuzatuvchilari ham bor. Yolgʻiz tilanchilik qilib kun koʻrish zamonlari oʻtib ketgan. Har bir bekatning oʻz xoʻjayini bor. Masalan, biron nogironning qoʻliga gitarami yo childirmami berib qoʻyiladi. Ertalab ketishingizda gitarachini koʻrasiz. Peshinda childirmachi tilanib turgan boʻladi. Oʻylaysizki, gitarachi insofli ekan, bir-ikki soatda kundalik tirikchiligini qilib ketibdi. Agar diqqat qilib kuzatiladigan boʻlinsa, har ikki-uch soatda bu talantli tilanchilar joyi almashtiriladi. Siz bu tilanchiga rahm qilib, sadaqa berasiz-u tiqin avtobusda ketasiz. «Bechora» tilanchini esa yangi ish joyiga kamida «Neksiya»da olib borib qoʻyishadi. Peshin paytida siz arzonroq taom qidirasiz. U «bechora»ga esa shohona boʻlmasa ham, shunga yaqin dasturxon tayyor turadi. Axir talantlarni och qoldirib boʻlmaydi-da! Butun san’atlarini ishga solish uchun ularga ham kuch-quvvat kerak. Ayniqsa, nogiron rolini oʻynashning oʻzi boʻladimi? Bir kun emas, bir soatgina koʻzi ojiz odam qiyofasida turib koʻring-chi, yoki oyogʻingizni qiyshaytirib yura olasizmi? San’at tilida gapirsak, bularni oʻrgatuvchi va yoʻnaltirib turuvchi «rejisser»lari ham bor. Hozir chorrahalarda nogironlar rolini ijro etuvchi talantlar koʻrigi boʻlyapti. Kechagi kuni rejisserning aybi bilan ishning rasvosi chiqay dedi-yu tilanchining talanti tufayli Xudo bir asradi. Katta chorrahada tilanib turgan tugʻma choʻloqni bir haydovchi tanib qoldi. «Kecha boshqa chorrahada koʻzing koʻr boʻlib turuvding, bugun choʻloqmisan?» deb qolsami? Ammo gapi toʻgʻri edi. Kecha u soʻqir rolini ijro etgandi. Bugun rejisserning aybi bilan roli almashib ketibdi. Har qanaqa rolni qoyillatib tashlayverganidan bu yogʻiga ahamiyat bermagan ekan. Lekin javobni topdi: «Kecha siz koʻrganingiz ukam Husan, men esam Hasanman, birimiz koʻr, birimiz choʻloq boʻlib tugʻilganmiz»,-dedi. Haydovchi yana bir nima demoqchi boʻldi-yu svetofor chirogʻi yonib qoldi.

Shtabning oʻsha kungi yigʻilishida bu masala keskin muhokama qilinib, rollarni almashtirib yuborgan rejisser kunlik ulushdan mahrum qilindi. «Shtab» majlisida ishtirok etolmagan Tangatopdiqul Pulsanarqulov bilan Chaqaboyqul Kumushtoyqulovlarning tilla tish qoʻydirayotganlari inobatga olinib, uch kunga ta’til berildi. Shuningdek, «Oilaviy talantlar»ni qoʻllab-quvvatlash loyihasiga alohida e’tibor qaratildi. Er - koʻr, xotin - soqov, bolalardan biri shol, yana biri merov rollarini qoyilmaqom ijro etgan Yakanqul Tiyinbekqulovlar oilasi moddiy ragʻbatlantirildi. Ular mahoratlarini oshira borsalar, yil oxiriga borib yengil avtomashina bilan taqdirlanadigan boʻlishdi. Oʻsha yigʻilishda tilanchilarning havfsizligini ta’minlash uchun shaxsiy qoʻriqchi joriy etish taklifi «bunaqada ashulachilardan farqimiz qolmaydi» degan mulohaza bilan rad etildi. Aksariyat talantlarning aksari «karate»ga qatnashi inobatga olinib, bu vazifa ularning oʻzlariga yuklandi. Shuningdek, yigʻilishda tilanchilikning yangi koʻrinishlaridan oqilona foydalanish masalalari ham koʻrildi. Tomoshalarda bir hillikka barham berish uchun yosh juvonlarni yaxshi kiyintirib, uyma-uy yurishga va hayotning ogʻirligidan nolishga oʻrgatishdi. Bu rolni zimmasiga olgan juvon uyida tayyorgarlik koʻrayotib, oʻzini shunday hokisor qilib koʻrsatdiki, «Mersedes» avtomashinasini artayotgan eri ham chidolmasdan, yigʻlab yuboray dedi.

Yoʻqquloboddan xabar berishlaricha, tilanchilik vazifasiga yaroqli iste’dod egalarini tanlash davom etyapti. Tilanchilikning yangi-yangi usullari kashf etilsa, ne ajab?