OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiMehmondoʻstlik (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/05
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Mehmondoʻstlik (hajviya)
Tohir Malik

«
Yuz gramm lofga toʻydirib olingan hangoma
»

Balliqul Yoʻqqulobodda kichik korxona ochayotganida yaxshi niyat bilan «Mehmondoʻst» deb nom bergan edi. Oʻshanda farishtalar «omiyn!» degan ekanmi, Xudoga shukur, ishxonasidan mehmonlarning oyogʻi uzilmaydi. Mehmondoʻstlik yaxshi-da, har qanday muammo dasturxon ustida bir daqiqada hal boʻladi. Mana, eng avvalida, me’morlar idorasida bitadigan ishda chizmalarga tushunishi qiyin boʻluvdi, me’mor yigit: «Hozir vaqtim yoʻq, kechqurun uyga keling, tushuntirib beraman»,-deb qoldi. U aytganday qilib, oqshom chogʻi uyiga bozor orqali oʻtib borgan edi, masala yarim daqiqadayoq hal boʻldi. «Mehmondoʻst» degan nomni ham oʻsha baraka topgur qoʻyib bergandi.

Balliqul qoʻli shirin pazanda boʻlgani uchun uning daturxonidan bir choʻqim osh yegan odam yana kelaveradi. Korxonasida me’mor bolaning taklifi bilan alohida mehmonxona ham qurgan. Ertalab bozorga kirib qaymogʻu somsa deganlariday mayda-chuyda olib dasturxonni bezab qoʻydi. Nonushtaga soliqchi yigitning kirib turish odati bor. Bolalikda sigir emib katta boʻlganmi, qaymoqqa juda-a ishqibozda. «Bir kosa qaymoqqa bitta issiq nonni toʻgʻrab yesam, kun boʻyi odamga oʻxshab yuraman», deydi boyaqish. Ammo ancha oriyatli bola, kunda kelib bezor qilmaydi. Haftada kelsa besh marta kelar, ortiq kelmaydi. Balliqul unga shunchalik oʻrganib qolganki, haftasiga uch marta kelsa, bir narsasini yoʻqotib qoʻygan odamday gangib qoladi. Ba’zan peshin payti ikki-uch ogʻaynisini boshlab kelsa, Balliqulning boshi osmonga yetadi. Mehmon - atoyi Xudo-da! Koʻnglini yaqin olibdi-ki, oshnalarini boshlab kelibdi. Ana, yoʻlning chetidagi firma xoʻjayini mehmondan bezor. Ammo Xudoning bergan kuni bir tekshiruvchi kelib, esini teskari qilib ketadi. Balliqulnikiga tekshiruvchi kelmaydi. Mehmon keladi. Mana, bugun ertalabdan qadrdon aziz mehmoni kelib qaymoqxoʻrlik qilib ketdi. Qaymoqxoʻrlikdan keyin kun boʻyi odamga oʻxshab yurganining savobi Balliqulga tegmay kimga tegsin! Koʻp mehnatkash-da, shu bola. Bir daqiqa boʻsh vaqti yoʻq. Bugun qaynonasining tugʻilgan kuni ekan, sovgʻa-salomga tushishga ham vaqti yoʻq, bechoraning. Balliqulning rahmi kelib, oqshomga bir quling oʻrgilsin sovgʻa tayyorlab qoʻyishga va’da berdi. Bu ham bir savob-da! Xayoliga «Oʻtgan oy ham qaynonasining tugʻilgan kuni edi-ku?»- degan fikr keldi-yu, lekin «Xotini ikkita boʻlsa, qaynonasi ham ikkita boʻladi-da», degan fikrda maydalashmay qoʻya qoldi.

Soliqchi yigitni kuzatganidan keyin oʻt oʻchiruvchi idoraning vakili keldi. Bular ham gʻamxoʻr boʻlishadi-da, oʻt tushganda kelishlaridan nima foyda? Somsa sovumagan edi, nonushta qila turib yongʻinning oldini olish choralarini gapirib berdi. U ketganidan keyin «sanepidstantsiya» degan idoraning odami keldi. Mehmonlar orasida Balliqul shu yigitga besh ketadi. Burnini roʻmolchasiga har artgandan keyin erinmay oʻrnidan turib, qoʻlini sovun bilan yuvadi. Balliqul uni alohida mehr bilan kutadi. Alohida piyola, alohida likopcha, tilla halli qoshiq... Shunaqa ozoda yigitlar kelib tursa, har qanaqa korxona ham oʻz-oʻzidan ozoda boʻladi-da! Balliqulning bu yigitga mehri baland boʻlganidan kuzatayotganida choʻntagiga «sovun puli» deb ozgina ataganini solib qoʻyadi. Bunaqa ozoda yigitlarni qoʻllab turish savob-da. Axir bunaqa qoʻl yuvishida maoshi faqat sovunga ketib qoladi-ku!

Ozoda yigitni endi kuzatgan edi, prokuror yigit kirib keldi. Juda adolatli yigit shu bola. Atay tekshirgani yoki bir nima ta’ma qilgani kelmaydi. Shu koʻchaga yoʻli tushib qolsa, «Balliqul akamni bir koʻrib ketay», degan ilinjda kiradi. Ammo koʻp oʻtirmaydi. Balliqul uning bir soatdan ortiq oʻtirganini hecham eslolmaydi. Har gulning hidi boʻlak, deganlariday, bu mehmonning ham oʻziga yarasha izzat-nafsi bor. Ota-bobosi yo choʻpon oʻtgan yo qassob. Qazi-qartaning hurmatini juda-a oʻrniga qoʻyadi. Yozning jaziramasida ham yuzta-yuzta kon’yak qazi-qarta bilan achomlashi-ib kirib borsa, oshqozon nima desin? Oshqozon chidagach, Balliqul nima desin? Prokuror bolaning uchta xotini borligini eshitgani uchun, bu qazi-qartalarning kuchi qayoqqa ketadi, deb qiziqmaydi.

Prokuror boladan keyin kelgan hokimiyat vakilining ishi oson. Balliqul uni «arzon mehmon», deydi. Choy ichmaydi, osh yemaydi, qahva ichadi. Unga atalgan «Pahlava» degan shirinlikmi yo «Napoleon» degan tortmi - hamisha tayyor. Bitta chatoq tomoni - uning togʻalari koʻp. Har biri tugʻilgan kunini nishonlayverib, bola paqirni qiynab yuboradi. Balliqul mehribon emasmi, indamay qarab turmaydi.

Kun shunday aziz mehmonlarni kutish bilan oʻtib, endi dasturxonni yigʻishtiraman, deb turganida bir notanish yigit kirib keldi. Bilsa, u muxbir ekan. Korxonaning dovrugʻini eshitib, maqtab yozgani kelibdi. Balliqul bundan quvondi. Ammo «korxonangiz qanday mahsulot chiqaradi?» deb soʻraganida oʻylanib qoldi. Ochigʻi, mehmonxonadan tashqariga chiqmaganiga koʻp boʻlibdi. Korxonasining «Mehmondoʻst» deb atalishini aniq biladi-yu, biroq mahsulotini unutibdi. Balliqul kerakli ma’lumotlarni ertaga tayyorlab qoʻyishga va’da qilib, muxbir bolaning xolasi tuqqan ekan, suyunchisiga sovgʻa-salom qilib berdi.

Balliqul bugun charchamadi. Faqat bir narsadan koʻngli xijil qoldi. Uch kundan beri bojxonadagi birodarlari yoʻqlamay qoʻyishdi. Tinchlikmikin?