OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiMehr manzaralari (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/24
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Mehr manzaralari (hikoya)
Tohir Malik

Arqon uzildi

Bahor... Yonoqlarni mayin shabada silaydi. Daraxtlarning yosh surxlari qiygʻos gullar ichida - oq zarga botirib olinganday...

Huv anavi doʻnglikdagi maysazorga bir qoʻy bilan echki bogʻlab qoʻyilibdi. Echkining ikki uloqchasi dikir-dikir sakraydi. Qoʻyning ham qoʻzichasi bor. Uloqchalar bilan yayrab, yugurishib yuribdi. Shunchayam doʻmboqki... Sakrashganini, yayrashganini koʻrib, ular bilan birga oʻynagisi keladi kishining... Bir mahal nimayam boʻldi-yu, oʻynashibmi yo talashibmi, qoʻzichoq uloqcha bilan kalla qoʻyisha ketdi. Ona qoʻy «boʻldi, shoʻxlik qilma», deganday ma’rab qoʻydi. Qoʻzichoq esa parvo qilmadi. Ona echki ham maysadan boshini koʻtarmay me-meladi. Bolachalar yana hazillarini qoʻyishmadi. Shunda qoʻy choʻzib ma’radi. Bolasiga intildi. Lekin boʻynida arqon -qoʻymas edi. Qoʻzichoqni ikki uloq oʻrtaga olib, goh unisi, goh bunisi turtar, uni ranjitardi. Ona qoʻy chidab turolmadi. U yer depsinib bolasini «odobsizlar» ozoridan qutqarishga intildi...

Uloqchaning biri koʻzichoqning biqiniga behosdan kalla urdi. Qoʻzichoq «onajon, qutqaring!» degandek qattiq ma’rab yubordi. Shunda qoʻy arqonni yana zarb bilan siltadi...

Ona mehri arqonni uzdi...

Buvijonim

—Kenja nabiralari siz emasmisiz?-deb soʻradi hamshira Sarvarning qoʻlidagi tugunchani ola turib.
—Ha, men...-dedi Sarvar bu savoldan taajjublanganini yashirmay.
—Unda bir oz kutib turing.

U shunday dedi-da, ildam yurib, yuqori qavatga koʻtarildi. Hamshiraning bu buyrugʻi Sarvarning koʻngliga gʻashlik soldi. Har xil xayollarga borib, bemorlar roʻyxatidan buvisining nomini izlay boshladi. Roʻyxatdagi belgiga qaraganda buvisining isitmasi tushibdi, ahvoli bir muncha yaxshilanibdi. Bundan koʻngli taskin topgan boʻlsa-da, hamshira chiqqunicha diqqat boʻlib ketdi. Nihoyat zinada hamshira koʻrindi. Xuddi Sarvarga kutib turishni buyurmaganday bamaylixotir tushib keldi. Bu ham yetmaganday Sarvarga qarab kulimsirab qoʻydi. Yigitchaga yaqin kelgach, bir parcha qogʻoz uzatdi.
—Buvingiz berib yubordilar. Kecha sizni menga tasvirlab berib, kelsa ketib qolmasin, deganidilar.

Sarvar «shu gapni avvalroq aytsangiz boʻlmasmidi!» degisi keldi-yu, ortiqcha gapdan oʻzini tiyib, qogʻozni shoshilib ochdi. Buvisining oʻsha ravon-ravon tanish harflari:

«Jonim bolam. Buni qara-ya, bugun sening tugʻilgan kuning-u, men boʻlsam, xotirjam shifoxonada yotibman. Xafa boʻlmaysanda, a? Sovgʻa ham qilolmadim... Agar uyda boʻlganimda tandirda mazali qovoq somsa, piyozli non yopib berardim. Esingdami, bolaligingda men tandirga oʻt yoqsam juda-juda quvonib ketarding. Oying somsani menchalik yopolmaydi, toʻgʻrimi? Hozir ham shu odating bor... Endi taqdir, keksalik ekan, bu yerda yotibman. Toychogʻim, tugʻilgan kuning muborak boʻlsin! Baxtimizga ilohim oʻz panohida asrasin seni!

Duo bilan: buving.

Ha, aytmoqchi, oyinglarga tayinlab qoʻy: yertoʻladagi qovoqni ishlatmay tursin. O'zim chiqay, yaxshilab somsa yopamiz...»

Xatni oʻqiyotganida tomogʻiga nimadir tiqilganday boʻldi. Yoshligida buvisining har xil shirinliklarni yenglarining uchiga yashirib, «akalaring koʻrishmasin», deb berkitib berishlari, dadasidan soʻkish eshitganda esa, boshini silab, erkalab uyiga olib kirib ketishlari, nasihat qilishlari koʻz oldiga keldi. O'zini tutishga harchand urinmasin, baribir koʻziga yosh kelaverdi.

«Buvijonim! Axir bujmayib qolgan qadoq qoʻlaringiz bilan boshimni silashingiz, yuzimni mehr toʻla siynangizga qoʻyib tin olishim, oppoq sochingizdan oʻpib, koʻzimga surtishimning oʻzi menga katta sovgʻa emasmi!!» degan xitob yuragini larzaga keltirdi. Hamshiraning hay-haylashiga qaramay, qoziqda iligʻlik turgan oq xalatlardan birini olib, yelkasiga tashladi-yu, yuqoriga yugurdi.

Buvijonining koʻksiga boshini qoʻydi.

O'gay ona

—O'qimas emishman,-dedi Oqil yana oʻjarlik bilan.
—Axir kim senga shunday dedi, bizga aytgin,-kuyundi direktor.
—Menga baribir endi... Hech kimning yordami kerakmas. Agar oʻzimning oyim boʻlganlarida...

Oqilning lablari titradi, koʻzlari yoshlandi. Burnini tortib qoʻydi-da, oʻzin tutib olish uchun shiftga qaradi. Direktor gap nimada ekanini taxminan angladi. Biron xulosaga kelish uchun bu taxmin yetarli emasdi, shu sababli boladan yana soʻradi:
—Oqiljon oʻgʻlim, oʻjarlik qilma. Uyingda nima gap boʻlganini menga ochiq aytaver. Biz seni xafaqildiribqoʻymaymiz.

Oqil direktorga «rost aytyapsizmi?» deganday bir qarab oldi-da, nigohini derazaga qadab gap boshladi:
—O'zim eshitdim,-dedi u yana burnini tortib qoʻyib.-Anavi... yangi oyim dadamga «oʻgʻlingiz katta yigit boʻlib qoldi-ya, endi yoningizga olsangiz ham boʻladi»,-dedi. Tagʻin men uni...

Oqil gapini tugata olmadi. Eshik ochilib, bir yoshlar chamasidagi shiringina bolani koʻtarib olgan koʻhlikkina juvon kirib keldi.
—Mumkinmi, voy xayriyatey!-dedi u ostona hatlab ichkariga kirgach.- «Oqiljonni maktablariga chaqirib olib ketishdi», deyishsa, nima gap ekan, deb jonimni hovuchlab yugurib kelaveribman. Tinchlikmi oʻzi?

Juvonning salomlashishni ham unutib kirib kelishi uning gʻoyat havotirda ekanidan darak berib turardi. Direktor buni tushundi. Uning kim ekanligini ham hayajonli soʻzlaridan angladi. Shu sababli gapni aylantirmay muddaoga oʻtishni ma’qul koʻrdi.
—Tinchlik,-dedi u hotirjam ohangda soʻng bolaga yuzlandi:-Oqiljon oʻgʻlim, sen tashqariga chiqib tur-chi.

Oqil qovogʻini uyganicha «xoʻp», dedi. Chiqayotganida ayolning qoʻlidagi bola «atta!» deb unga osildi...

Direktor Oqilning bir necha kundan beri maktabga kelmayotganini, bugun darsdan keyin uyidan toptirib chaqirtirib kelganini va nihoyat, bolaning oxirgi gaplarini aytib berdi.

Ayol koʻylagining yengi bilan koʻz yoshlarini artib, piq-piq yigʻladi. Keyin «Voy, gapirmaygina men oʻlayin», dedi-da, tashqariga chiqib Oqilni olib kirdi.
—Voy gapirmaygina men oʻlayin, bolajonim. Men seni katta boʻlib qolganingni aytib erkalatmoqchiydim-a! Sen oʻqib olim boʻlsang, ukang ham izingdan boradi, deb doim duo qilaman-ku? Gapga noʻnoq onangni kechir, bolajonim...-Ayol shu gaplarni takror-takror aytib Oqilni quchoqlab olganicha yuz-koʻzlaridan oʻpaverdi...

Oqilning qoʻlidagi ukasi bu holatdan ajablanib hayron boʻlb turdi Avvaliga sal qoʻrqdi ham. Keyin bir akasini, bir onasini oʻpa ketdi...

Koʻzlari ochikedi

Boʻyniga chekich urilganday «choʻtir» boʻlib qolgan musicha qaerdandir ovqat topib, iniga uchib keldi. U har galgidek bolalarining inlaridan bosh chiqarishib, ogʻizlarini katta-katta ochib, chiyillashlarini kutgan edi. Biroq, inda bolalari koʻrinmadi. Onaning koʻzlari olazarak boʻldi. O'zini har tomon urib, jigargoʻshlarini axtardi. Topdi! Hali parvozga yaxshi shaylanmagan jajji musichalar shoʻxlik qilib pastga tushishgan ekan. Ular hovli roʻyasida bir-birlari bilan quvalashib, bamaylixotir oʻynab yurishardi. Ona musicha ularni koʻrib quvonganday bir-ikki qanot qoqib qoʻydi. Pastak bir shoxga qoʻnib, boʻynini xiyol qiyshaytirib, ularning oʻyinini kuzatdi...

Birdan ona bezovtalandi. Bolalarining oldiga tushib, qanotini patillata ketdi: u burchakda pusib yotgan mushukni koʻrib qolgan edi. Mushuk musichaning payqab qolganini sezib, oʻljasiga sapchidi. Kushchalar qanot qoqishib pana tomonga oʻtishdi. Lekin yuqoriga, bexavotir inlariga uchib chiqishga qanotlari zaiflik qildi. Mushuk qushchalarni quva boshladi. Ular qancha urinishmasin, qanot qoqishmasin yuqoriga koʻtarilishga qurbilari yetmasdi. Onalari atrofida aylanishdan oʻzga choralari yoʻq edi.

Ona bezovta. Ona ilojsiz! Bolalari ucholmaydi... Shunda u allaqanday ovoz chiqarib yuqoriga koʻtarildi-yu, soʻng birdan qanotlari singanday yerga gup etib tushdi. U «siniq» qanotlarini yerga shap-shap urgancha parvozga uringanday boʻlib mushukning atrofida aylana boshladi. Mushuk qushchalarni quvib yurishdan koʻra tayyor turgan oʻljani yeyishni ma’qul koʻrib, uni tappa bosdi.

Musicha esa hamon qanotlarini patillatadi. G'alati ovoz bilan faryod chekib, bolalarini uchishga undaydi...

Mushuk uning hiqildogʻini tishlab, chekkaga sudradi. Onaning soʻniq koʻzlari yarim ochiq: «bolalarim qochdimi?» deganday ularni izlaydi. Qanotlarini ahyon-ahyonda majolsiz silkitadi. Goʻy ochqab qolgan bolalari oldiga uchib borib, hozirgina topib kelgan ovqatini bermoqchi boʻladi...

Pastak butoqqa uchib chiqib qoʻnib olgan musichalar esa qoʻrquvdan dir-dir titrashadi...

Yovvoyi mushuk

Yana oʻsha yovvoyi mushuk paydo boʻldi. Avvallari odam sharpasini eshitib, junini hurpaytirganicha baqrayib turadigan, keyin qochib qoladigan mushuk negadir oldimizda bemalol yurishga odatlandi. Bu juda qiziq hodisa edi. Mushukning sirini bilishga oshiqdim. Unga bir boʻlak goʻsht tashladim. U saxiyligimga ishonqiramaganday bir menga, bir goʻshtga qarab qoʻydi. Keyin chaqqonlik bilan goʻshtni tishlab olib, uydan chiqib ketdi. Har gal yemish topsa yemay, olib chiqib ketishi ham ajablanarli hol edi. Mushukning izidan chiqdim. U hovli burchagidagi oʻtin turadigan bostirmaga kirib ketdi. Choʻchitib yubormaslik uchun tirqishdan moʻraladim: mushuk chalqancha yotib olgan, toʻrt mushukcha esa uni emardi... Mushukning birdan koʻrinmay qolgani-yu, keyin begonasiramay qoʻygani sababini endi angladim.

«Bitta bolasini jiyanlarimga olib bersammikin?» degan fikrda eshikni ochib, ichkari kirdim. Mushuk sapchib oʻrnidan turdi. Junini hurpaytirdi. Koʻzlari yondi. Xunuk ovoz chiqardi. Yana bir qadam qoʻysam menga tashlanishi turgan gap edi. Bunday holatda u oʻzini boqayotgan odamni ham tanishni istamasdi. Chunki yonida oʻz jonidan ham aziz boʻlgan bolalari bor edi!

Izimga qaytdim. Shu-shu mushuk meni koʻrsa bostirma tomon qochadigan boʻlib qoldi. Mushukning bolalaganini eshitgan jiyanlarim bugun uning bostirmadan nari ketishini poylab turib, oladan kelgan chiroyli bolasini olib chiqishibdi.

Qosh qorayganda mushuk bostirmadan oʻkday otilib chiqdi. Nimanidir axtara boshladi. Keyin eshigimiz tagiga kelib, mendan ham hayiqmay zorlanib, choʻzib-choʻzib miyovlay boshladi. Eshikni ochdim. U uyga otilib kirdi. Dam oʻtmay bolasini tishlab olib chiqdi. Bostirma tomon ketdi.

Mushuk bizga oʻrganib qolgan boʻlsa ham bolalarini ishonmas edi...