OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

3 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiMurdalar gapirmaydilar (I- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm211KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/29
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Murdalar gapirmaydilar (I- qism)
Tohir Malik

Bismillahir Rohmanir Rohiym

«
...Ana oʻshalar hidoyatga zalolatni sotib olgandirlar. Va tijoratlari foyda keltirmadi hamda hidoyat topganlardan boʻlmadilar. Ular misoli bir oʻt (mash’ala) yoquvchiga oʻxshaydilar. Olov endi atrofini yoritganida Olloh yorugʻlikni ketkazib, ularni hech narsani koʻrmaydigan holda zulmatlarda qoldiradi. Ular kar, soqov va koʻrdirlar. Bas, ular hidoyatga qaytmaslar...
Baqara surasi, 16—18-oyatlar
»

Muallifdan

Butun olamlar Parvardigori Ollohga behad hamd boʻlsin va paygʻambarlarning oxirgisi — sayyidimiz Muhammad alayhissalomga salovot va salomlar boʻlsin.

Albatta, hamd Ollohga xosdir. Biz unga hamd aytamiz, Undan yordam soʻraymiz. Va Ollohdan nafsimizning yomonliklaridan panoh berishini soʻrab iltijo qilurmiz. Kimni Olloh hidoyat qilsa, uni adashtiruvchi yoʻq. Kimni Olloh adashtirsa, uni hidoyat qilguvchi yoʻqdur.

Eng ulugʻ soʻzlaru eng bilimli suhbatlar ham shubhasiz, Tangri-taologa shukrimizni keragicha ifoda eta olmaydi.

Yaratgan Robbimizga shukrlar boʻlsinkim, siz — aziz nafis adabiyot muhiblari bilan yana dillashish nasib etyapti. Bu safar ham adashgan bandalar hayotidan ayanchli lavhani bayon etishni niyat qildim. Chunki bu sinovli dunyoda adashgan bandalar koʻp. Ulugʻ va qudratli Robbimiz marhamat qilib derki: «Odamlarga ayollardan, bolalardan, toʻp-toʻp tillo va kumushdan, goʻzal otlardan, chorvadan, ekin-tikindan iborat shahvatlarning muhabbati ziynatlandi. Ular dunyo hayotining matohidir. Ollohning huzurida esa husnli qaytar joy bor». (Oli Imron surasi, 14-oyat).

Tafsirchi ulamolarning fikricha, «Shahvat» soʻzi urfda jinsga oid ma’noda ishlatilsa-da, aslida oʻzagi «ishtaha» soʻzidan olingan boʻlib, koʻngil tusashi, xohlashini bildirar ekan. Shunga koʻra, oyati karimada insonning ayollarga, farzandlarga, boylikka ishtahasi mavjudligi, ya’ni shu narsalarga muhabbati chiroyli tarzda ziynatlangani ta’kid etilmoqda. «Demak, bu muhabbat insonning asl tabiatida bor ekan. Bunday holatning boʻlishi tabiiy bir hol ekan. Modomiki, ushbu ragʻbatlar inson tabiatida bor ekan, Ollohning oʻzi insonni shunday yaratgan ekan, bu narsalar inson hayotini muhofaza qilishda, uning goʻzal va zavqli kechishida xizmat qilmogʻi lozim. Shuning uchun Islom dini mazkur narsalarni xarom qilgan emas, balki muboh qilgan. Bu narsalarni man’ qilishni emas, tartibga solishni yoʻlga qoʻygan. Islom kishilarni tarbiya qilib, shahvat daryosida halok boʻlmaslikka chaqiradi. Inson mazkur shahvatlarning quli boʻlib qolmasligi kerak. Balki ularning hojasi boʻlib, oʻz tasarrufiga olishi darkor.»1 Oyati karima «Ollohning huzurida esa husnli qaytar joy bor», deb yakunlanadi. Bu joy — jannati naimdir!

Moziyda oʻtgan valilardan biri «Dunyo — oʻtkinchi mehmonxonadir. Dunyodagi eng ulugʻ boylik — dunyoga, berilmaslikdir. Dunyoni afzal bilgan kishi zillatga, xorlikka hukm etilib, halok boʻlur», degan ekan. Yana roviylar derlarki: dunyo yasatilgan kelinchakka oʻxshaydir. Koʻzlar unga termulgan, qalblar unga mushtoq, nafslar esa unga oshiqdur. U makkor esa, barcha oshiqlarni shafqatsiz holda birma-bir halok qiladir. Oʻayotdagi tiriklar oʻlganlardan, keyingilar oldingilardan ibrat olmaslar...

Hisob-kitob qilinmasdan burun nafsini tiygan kishi yutadi. Nafsi bilan Gʻaflatda qolgan esa, zararga uchraydi.

gʻaflatda qolib nadomat chekkanlar qancha?

Qabriston bizga sukunat olami boʻlib koʻrinadi. Aslida ohu-faryodlar oʻlkasidir! Biz bu faryodlarni eshitmaymiz, bilmaymiz. Shu bois biz mayyitlarning kechmishidan ibrat olmaymiz. Agar tinglay olganimizda edi...

«Murdalar gapirmaydilar», deymiz. Bizga shunday tuyular? Balki ular gapirarlar, biz eshitmasmiz? Eshitsakmi edi...

Muqaddima

Nafisani qargʻadilar:
— Oʻynashi bilan yotgan ekan, sharmanda!

...sharmanda... sharmanda...
— Soʻyib oʻldiribdi. Xudoning oʻzi jazolabdi!

...oʻzi jazolabdi... jazolabdi...

Nafisaga achindilar:
— Tirnoqqa zor oʻtdi, bechora...

...bechora... bechora...

Sanjarni la’natladilar:
— Suyuqoyoqqa ilakishib yurgan ekan, yigit oʻlgur!

...yigit oʻlgur... yigit oʻlgur...
— Toʻrt bolasi koʻziga koʻrinmabdi-da, haromxoʻrga!

... haromxoʻrga... haromxoʻrga...

Sanjarga achindilar:
— Qoʻy ogʻzidan choʻp olmagan bola edi, bechora!

...bechora... bechora...
— Oʻzi pokiza edi, shayton yoʻldan urgan!

...pokiza edi... shayton yoʻldan urmagan... urmagan...

Ikki murda oʻlikxonada tekshiruvchilarning oʻtkir tigʻini kutib yotibdi. Hademay oʻtkir tigʻ ularning qorni, koʻkragi, boshini yoradi. Oʻlik hujayralarda yashiringan haqiqatni oʻqimoqchi boʻlganday titkilashadi. Soʻng, yorilgan yerlarini tikib, murdalarni egalariga beradilar.

Nima uchun oʻlim topganlaridan bexabar qolgan ikki odam esa, qiyomatni kutib yotmogʻi uchun qorongʻu lahadga qoʻyiladi.

Soʻng pichir-pichirlar:

«Xotinlarga aralashadigan odati yoʻq edi-ku?..»

«Gʻarkoʻz edi bu juvon...»

«Kim oʻldirgan ekan?»

«Eri avval ham bir-ikki ushlab, kechirgan ekan. Lalaygan bir erkak-da! Bu safar chidolmabdi, boyaqish...»

Birinchi bayon: Yashash huquqi

Arralangan daraxt

Oʻzini osmon tirgovichi, deb faraz qiluvchi kekkaygan daraxt jazosini arra berdi: u oʻzidan oldingi ogʻochlar qismatiga yetdi — jon tomiri uzilib, yerga uzala tushdi.

Tursunali bu manzarani dastlab koʻrganida oʻzining kechmishini shu daraxt qismatiga oʻxshatgan edi. Uning qaddi ham shu ogʻoch kabi adl edi. U makon topgan daraxtzor, nazarida dahlsiz edi. Bu daraxtzorda istaganicha quyoshdan nur emishi, huzurlanib chayqalishi mumkin edi. Tomirlari toboro kuchliroq qudrat kasb etib borardi. Ammo kutilmaganda uning daraxtzoriga bolta oraladi: bir chekkadan chopa boshladi. Navbat oʻziga yetganida unutilayotgan rivoyatni esladi. Emishki, bir oʻrmonda bolta paydo boʻlib, daraxtlarga qirgʻin keltiribdi. Ogʻochlar unga qarshi chora topolmay, qari Emandan maslahat soʻrashibdi. «Bolta deganlaring nima oʻzi? U nimadan ishlangan?» deb soʻrabdi Eman. «Bolta — temirdan yasalgan bir matohdir», deb javob beribdilar. «Oʻzi-ku, temir ekan, dastasi-chi? Dastasi ham temirdanmi?» deb soʻrabdi Eman. «Yoʻq,— debdilar, — dastasi — ogʻochdan, oʻzimizdan». «Dastasi oʻzimizdan boʻlsa, unga chora yoʻq», degan ekan Eman.

Tursunali makon topgan «daraxtzorda» «bolta» paydo boʻlishi bilan unga dasta boʻlishga oshiquvchilar koʻpaydi. Oqibatda Tursunalining ildizlari chopildi-yu, sovxoz direktorligidan raykom sarkotibligiga oʻtaman, deb niyat qilib turgan odam egniga mahbuslarning paxtalik kalta choponini kiyib, uzoq sovuq oʻlkadagi daraxt kesuvchilar safida oʻzini koʻrdi. Uyqusiz kechalarda bu baloga mubtalo boʻlish sabablarini koʻp oʻyladi. Tuzini yeb tuzligʻiga tupurganlarni la’natladi. Doʻst libosidagi ilonlar boshini birma-bir yanchishni diliga tugdi.

Xudoning qargʻishi tekkan bu joylarga kelgunicha boʻlgan oʻtmish kunlarini eslasa, koʻz oldini zulumot pardasi qoplayveradi. Bu zulumotni gohi-gohida faqatgina bir nur yoritardi. Bu nur Nafisaning chehrasidan taralardi. Shunday paytda Nafisaning dimogʻidan taralgan iliq nafas unga tiriklik shuurini berardi. Azobli kechalarda ham farzandlarining onasi, halol juftiga nisbatan shu Nafisani koʻproq oʻylardi, uni qoʻmsardi. Bunga ba’zan oʻzi ham ajablanardi. «Nima bu? Shunchalik qattiq sevarmidim?» deb oʻylardi. Tursunali shahvoniy hirs bilan sevgi farqini ajrata oluvchi aqlga ega emasdi. Buni sinamoq uchun Nafisaga nisbatan yoshroq, goʻzalroq, ishvalari shirinroq qiz roʻpara qilinsa, bas. U «sevgi» deb oʻylab yurgan tuygʻu oʻlardi-qolardi. Hozircha, Nafisaning birinchi tunda shivirlab aytgan «Munchalar yaxshi ekansiz», degan gapi qulogʻi ostida turibdi. Oʻzga iliq nafas bilan aytilishi mumkin boʻlgan shunday soʻz oʻtmish totli kechalar yuziga qora parda tortmogʻi tayin. «Ahmoq boʻlib shu juvonga ilakishib yurgan ekanman. Dunyoning lazzati bu yoqda ekan-ku? demogʻi ham aniq edi...

Ammo hozir, u bularni oʻylamaydi, orzu qilmaydi. Uning dardi ham, niyati ham bir — tezroq bu oʻlaksazordan qutulish! Qachon, qanday qutuladi, — bandasiga qorongʻi. Yurtida uning uchun kuyib-eladigan, pul sarf qilib ozodlikka chiqarish uchun tashvish chekadigan odami yoʻq. Demak, yana oʻn toʻrt yil mahbuslik libosida yurmogʻi rostga oʻxshab turibdi.

Tursunali ana shu ogʻir dard togʻini yelkasiga ortgan holda oʻringa choʻziladi, sahar chogʻi shu yuk bilan qaddini rostlaydi. Ba’zi erkaklar yigʻlaydilar. Ba’zilari dardlarini aytib, hasrat qiladilar. Tursunali dardini kimga aytsin, kimga yigʻlasin, kimga hasrat dasturxonini ochsin?!.


Bir yigit kelib edi. Istarali bu yigitning pokiza odam ekanini yuzidan yogʻilib turgan nur oshkor etib turardi. Tursunali «Bu yigitni menga Yaratganning oʻzi yetkazdi», deb quvongan edi. Bugun bu quvonch ham balchiqqa qorishadiganga oʻxshab turibdi. Tursunali shu havotirda daryo tomonga qarab-qarab qoʻyadi. Yigitni sohildagi qoʻlbola chayla tomonga boshlab ketganlar. Bu yerga kelgan kunining yo uchinchi, yo toʻrtinchi kuni Tursunali ham shu chayladagi suhbatga chorlangan edi. Oʻshanda qoʻliga bolta olib, arralab yiqitilgan daraxt shoxlarini endi butay boshlagan edi. Pachoqburun bir mahbus yaqinlashib, he yoʻq, be yoʻq:
— Ey, chuchmek, yur bu yoqqa! — deb buyurdi.

Tursunali u damda osiyoliklarning «chuchmek» deb atalishini bilmas edi. Shu sababli murojaat kimga qaratilganini anglamay:
— Menga aytyapsizmi? — deb soʻradi.

Pachoqburun hech bir takallufsiz Tursunali tomon chirt etib tupurdi-da, labini kafti bilan artdi:
— Senga aytyapman! — deb toʻngʻilladi.

Chakalak orasidagi yolgʻizoyoq yoʻldan borayotganida Tursunalining yuragiga vahm oraladi. U qamoq lagerlaridagi odam oʻldirishlar haqida eshitgan edi. Bu Pachoqburunning soʻxtasi bunchalar sovuq boʻlmasa! Onasidan tugʻiliboq odamxoʻrlikni kasb qilib olganini basharasining oʻziyoq aytib turibdi. Ana shu bashara Tursunalini qoʻrquvga soldi. Agar hozir unga «bu odam qotil emas, qulfbuzarlarning ustasi», deb haq gap aytilsa ham ishonmagan boʻlardi.

«Oʻldirgani olib ketyaptimi?» deb oʻyladi Tursunali. Soʻng «Nimaga oʻldiradi? Endigina kelgan boʻlsam?..» deb oʻziga oʻzi tasalli berdi. Qamalganidan beri mutelik jandasini egniga ilib, soqchi «yur» deb buyurganda yurib, «oʻtir!» desa oʻtirib, «qoʻlingni orqaga qil», desa qoʻlni orqaga bogʻlab turishga koʻnikib qolgan Tursunali bu safar ham yuvvosh qoʻy kabi «qassob» — Pachoqburunning yetovida yurib borardi. Tursunalidan qoʻy ham tuzuk. Qoʻy qassobni koʻrganida ma’rab qoʻyadi. Tursunali esa, aqalli bir ogʻiz gap aytishga ojiz.

Chakalakzordan oʻtib, daryo sohiliga chiqishdi. Shoxshabbalardan yasalgan qoʻlbola chaylaga yaqinlashganda Pachoqburun orqasiga oʻgirilib:
— Shu yerda toʻxta! — deb buyurdi.

«Yuvvosh soqov qoʻy» amrga itoat etdi.

Hali quyosh koʻtarilib, borliqni ilita olmagan boʻlsa-da, chayla xojalaridan ikki kishi yarim yalangʻoch holda oʻtirib tamaddi qilishardi. Pachoqburun ularga yaqin borib, buyruq ado etilganini ma’lum qilgach, hojalardan biri Tursunali tomon qarab qoʻydi-yu indamay lunjidagi taomni chaynayverdi. Pachoqburun u yerda, Tursunali esa yigirma qadam berida xoda yutganday tik turib, ularning taomdan boʻshashlarini kutdilar. Nihoyat, qorin toʻyib, nafs orom olgach, yaqinlashmoqqa ijozat boʻldi.

Tursunali ulardan birini tanidi: u ichki qoʻshinlar mayori kiyimida yuradigan, oshxonadagi tartibni kuzatuvchi odam edi. Rezina tayogʻini koʻz-koʻz qilib, oʻynatib yuruvchi bu mayor tartib buzuvchining gardaniga ayamay urib qolardi. Qoʻli qichib turgan boʻlsa-yu, tartib buzilmasa, shoʻrvasini xoʻrillatib ichayotgan odamning ham gardaniga tushirib qolishdan toymasdi. Mayor oshxonada kimning yoniga yaqinlashsa, oʻsha odam iloji boʻlsa, ovqatni chaynamayoq yutishga harakat qilardi. Chaynalmagan ovqatni oshqozon hazm qilib yuborar, ammo gardanning rezina tayoq zarbini hazm qilishi qiyinroq edi.

Tursunali yaqinlashgach, mayor oʻrnidan turib, ikki qadam naridagi koʻkatlar ustiga tashlangan kiyimlar yonidan tayogʻini olib, chap kaftiga urib qoʻydi-da, uning orqasiga oʻtdi.

«Uradi shekilli?» deb oʻyladi Tursunali. Orqadan zarb kutgani uchun u beixtiyor bukchaydi. Oʻtirgan odam uning bu holatini koʻrib kuldi-da:
— Qoʻrqma, urmaydi, — deb ovutdi.

Bu odamning kulishi oʻziga yarashardi. Timqora koʻzlari Pachoqburunniki yoki orqada turgan malla ma-yorniki kabi yovuzlik bilan boqmasdi. Qaldirgʻoch moʻy-labi ham oʻziga yarashgan edi. Shu sababli Tursunali uni mahbus emas, shu yerning kattalaridan deb oʻyladi.
— Men — Tengizman, oʻtir, bugun sen menga qoʻnoqsan.

Bu ismni eshitib, Tursunali ajablandi. Chunki u kelgan kuniyoq yotoqdagi qoʻshinisidan «Bu yerning asl xoʻjayini polkovnik emas, ashaddiy oʻgʻriboshi Tengiz boʻladi», degan gapni eshitgandi. «Tengiz» deganlari umri qamoqda oʻtgan, Pachoqburun kabi xunukbashara keksa odam deb oʻylagan edi. Oʻzidan yoshroq bir yigitning «Men — Tengizman», deyishi shu sababli ham uni ajablantirdi.
— Gapimni eshitdingmi? Kel, oʻtir.

Tursunali itoat bilan, huddi qaynonasinikiga birinchi marta kelgan uyatchan kuyov kabi oʻtirdi. «Ol, ye», degan taklifni oʻrinlatib bajarolmadi. Bir-ikki tishlam non yeb, maydalangan goʻshtga qoʻl uzatmadi. Yegisi kelib turgan boʻlsa ham, koʻngli tortmadi. Qamalguniga qadar ovqatlarning sarasini yeb oʻrgangan odam das-turxon ustidagilarni sarqit deb bilib, irgandi. Mehmonga kechikibroq borsa, darhol dasturxon yangilanardi... Endi oʻsha kunlarning sadagʻasi ketsa arziydi...

Har bir harakatini diqqat bilan kuzatib oʻtirgan Tengiz nafsni yengishga nima sabab boʻlayotganini sezdi:
— Hazar qilyapsanmi? Nega yemayapsan?
— Hazar qilayotganim yoʻq. Qornim toʻq.
— Hozircha yangisan. Yana uch-toʻrt oy oʻtsin, birov chaynab tashlagan chandirni ham koʻzingga surtib yeydigan boʻlib qolasan. Sen menga qoʻnoqsan. Ol, ye! Meni ranjitma!

Avvalgi taklif endi buyruqqa aylangach, Tursunali beixtiyor goʻshtga qoʻl uzatdi. Bu buyruqdan soʻng «qorni toʻq odam» dasturxonni yamlab yutayozdi. U ovqatlanib boʻlgach, Tengiz dasturxonning bir uchini qayirib yopdi-da, Pachoqburunga qaradi. Buyruqqa mahtal turgan mulozim bu qarashning ma’nosini uqib, dasturxonni yigʻib oldi-yu, nari ketdi. Tengiz mayorga ham bir qarash qilgan edi, u kiyimlarini qoʻltiqlab, chayla ortiga oʻtdi.
— Toʻxtaev, gap bunday, — dedi Tengiz holi qolishgach.

«Mening familiyamni qaerdan bila qoldi?» — deb ajablandi Tursunali. Soʻng «qamoq lageri boshligʻidan ustunroq mavqedagi odamga shuni bilish qiyin ekanmi?» deb qoʻydi.
— Sen albatta tuhmat bilan qamalgan boʻlishing kerak, a?

Qora bulut choki soʻkilib, birdan quyosh charaqlaganday boʻldi: Tengiz Tursunalining koʻnglidagi gapni topib aytgan edi.
— Ha, tuhmat bilan qamashdi, — dedi Tursunali yutinib.
— Bu yerdagilarning hammasi oʻzini passajir1 deb hisoblaydi. Seni bu yerga tuhmat boshlab kelmagan. Hasislik qilgansan. Pupkarlarni vaqtida moylash kerak edi.
— Kimni?
— Milisani! Nima, bunaqa soʻzlarga tushunmaysanmi?
— Ularni... rosa moylaganman. Bekorga yeb ketishdi.

  

— Yetarli moylamagansan. Molning chanqogʻini tomizgʻichdagi tomchi suvlar bilan qondirib boʻladimi?
— Bizning ish Maskovning qoʻlida edi. Ularni chelaklab ham sugʻorib boʻlmas ekan.
— Boʻlmaydigan ish yoʻq bu dunyoda, Toʻxtaev! Nima uchun Moskva senlarga yopishdi, bilasanmi?
— Yoʻq, bilmayman.
— Otam rahmatli aytib berardilar. Urush mahalida ikkita oʻzbekka bitta miltiq berisharkan. «Bittang oʻlsang, ikkinching olib otaverasan», deyisharkan. Otalaring shunga ham koʻnishavergan. Senlar ham otalaringga oʻxshagan laqmasanlar. Ahil emassanlar. Bir-birlaringni sotishni yaxshi koʻrasanlar. Kozyol2 ham koʻproq senlardan chiqadi. Senga oʻxshagan sovxoz direktori boshqa yerda yoʻqmi? Muttaham, poraxoʻr hamma yerda toʻlib yotibdi. Bunaqalar Armanistonda yoʻqmi? Be, senlardan koʻra koʻproq u yerda. Lekin Gobelyan u yoqqa bormaydi. Oʻzinikiga tegmaydi. Senlarning yarmingni qirib tashlasa ham gʻing demaysanda. Qani, Gorbach armanilarga tegib koʻrsin-chi! Moskvangning oyogʻini osmondan qilib yuborishadi. Senlar esa... — Tengiz hafsalasi pir boʻlib qoʻl siltadi. — Senlar mishiqlaringni oqizib, «tuhmatdan qamaldim», deb yigʻlab yuraverasanlar. Endi gap shu, bilmasang bilib ol: men — oʻgʻriman! Ochiqda yurganingda mendagʻalardan nafratlarding, a?
— Yoʻq... nega?
— Talmovsirama. Biz — oʻgʻrilar, senlarning nazarlaringda eng pastkash odamlarmiz. Aslida esa, senlar pastkashsanlar. Biz oʻgʻrimiz, bu bilan faxrlanamiz. Bilib qoʻy: eng halol odamlar bizlarmiz. Shuning uchun ham odamlar taqdirini hal qilish huquqiga faqatgina bizlar egamiz. «Chestnyaga» degan soʻzni eshitganmisan? Ana oʻshalar bizlarmiz. Bizda halollikdan bir enlik ham nari-beri chekinilmaydi. Doʻstga xiyonat yoʻq. Kim bunga jur’at etsa — boshi ketadi. Senlarda halollik bormi? Sadoqat bormi? Yoʻq! Hech narsa yoʻq! Oldingda ikki yoʻl bor: agar tirik qolsang, oʻn toʻrt yildan keyin uyingga borasan. Umring qisqa boʻlsa, shu yerda oʻlib ketasan. Bilib qoʻy, bu yerlarda ilonlar koʻp. Bir chaqishda oʻldiradi. Agar xizmatimizni bekamu koʻst qilsang, seni ilonlardan oʻzimiz qoʻriqlaymiz.
— Nima xizmat buyursangiz... tayyorman!
— Nima balo, pionermisan, doim tayyorman, deysan? Sen oʻylab, shoshilmay javob ber.
— Shoshilsam-shoshilmasam, menga suyanadigan bir togʻ kerak-ku?
— Togʻ, dedingmi? Yaxshi aytding. Sen suyanadigan togʻ bor. Ammo... — Tengiz jilmaydi. Bu jilmayish avvalgiday begʻubor emas, balki ayyorlik yeli bor edi unda. — Ammo, suyanish uchun togʻ haqini toʻlashing kerak. Ochiqlikda har oy maosh olardingmi? Ha, olarding. Xuddi shunga oʻxshab, suyanadigan togʻ haqini har oyda toʻlab turasan. Sen bugun biksa1ngga bir malyava2 yozasan. Har oyda pul yuborib turadi.
— Pul? Qanchadan?
— Buni xat olib borgan odam aytadi.
— Pulni bu yoqqa yuboradimi?
— Bu sening ishing emas. Pulni bizga tegishli odam borib oladi. Agar shartimizni bajarmasang, avvaliga tramvayga qoʻyamiz. Keyin bespredelùik3ning ermagiga topshiramiz.

Ertalabki mehmondorchilik ana shunday «shartnomani imzolash» bilan yakunlandi. Shart bajarilmagan taqdirda Tursunali oʻzini qanday jazo kutishini kech yotar mahalida bildi. Oʻtoq qoʻshnisidan «tramvayga qoʻyish» nima ekanini soʻrab, «seni hammomga olib kirib, yigirma-oʻttiztasi galma-gal «gaplashib» chiqsa — tramvay boʻladi», degan javobni olganida badani muzlab ketdi.

Hozir, chayla tomonga qarab turgan choqda ham shu tadbir esiga tushib, bir seskandi.

Kecha lagerga olib kelingan yigit Tursunaliga xush yoqib, «mening haloskorim shu», deb oʻylagan edi. Oʻshi yigirma beshni qoralagan bu yigit oʻzini Nuriddin deb tanishtirdi. Besh yil muqaddam qamoqqa solingan Nuriddin uchun bu yer uchinchi lager edi. Bu yerga kelguniga qadar avval Ukraina, soʻng Turkmaniston qumliklarida pishgan bu yigit yana oʻn yil umrini shunday sarsonlikda oʻtkazmoqqa mahkum edi.

Nuriddinning darhol Tengiz suhbatiga chorlanishi qamoqxona olami qonunlaridan uzoq boʻlgan Tursunali uchun tushunarsiz edi.

Tengiz Nuriddinni dasturxonga taklif etmadi — togʻliklar odatiga sodiq qolmay, mehmonni izzat qilmadi. Bir necha daqiqa tik turgan holda gaplashishgach, chayladan baquvvat yigit chiqdi-yu, olishuv boshlanib ketdi. Tepadan kuzatib turgan Tursunali yigitga achindi. Boltani koʻtarib yugurgisi, uni himoya qilgisi keldi. Ammo bu xohish chaqmoq umri kabi qisqa edi. Xohish chaqmogʻi soʻnib, joni koʻziga koʻringach, oʻzini tiydi.
— Hay Chuchmek! Sen uchun men ishlaymanmi?

Bu ovoz Tursunalini hushiga keltirdi. Chayla tomonga boshqa qaramay, daraxt shoxlarini butay ketdi.

Pastda nima voqea yuz berganini oʻng qoshi yorilgan, chap bilagi tilingan, badani musht va tepki zarblaridan moʻmataloq boʻlgan Nuriddin yotar mahalida aytib berdi.

Imom hamzat

Bunday suhbatga chorlanish Nuriddin uchun yangilik emasdi.

Chakalakzordan oʻtib, sohilga yaqinlashganida chayladan Tengiz chiqdi. Pachoqburunning amri bilan Nuriddin beriroqda toʻxtadi. Tengiz uning roʻparasida turib olib, boshdan-oyoq tikildi. Soʻng u tomon uch-toʻrt qadam qoʻydi.
— Senga «esh-shak» deb laqab qoʻyishibdi. Nima uchun aynan «esh-shak»?

Nuriddin Tengiz tikilganida koʻzlarini olib qochmadi. «Sendan qoʻrqadigan odam emasman», deganday tik boqqanicha turaverdi.
— Gapimga javob ber: nima uchun seni «esh-shak» deyishdi?
— Oʻzlariga oʻxshatishmoqchi boʻlishgandir.
— Shunaqami? — Tengiz istehzoli jilmaydi. — Sen qaysar emishsanmi?
— Beayb Parvardigor.
— Shunaqami? — Tengiz unga yanada yaqinlashdi. — Sherigingni nima uchun otib tashlagan eding?
— Ablahligi uchun.
— Kofirligi uchun emasmi?
— Kofirning ham insoflisi, vijdonlisi bor. Kofirning ham oʻziga yarasha e’tiqodi boʻladi. U kofir emas, ablah edi.
— Bublikni taniysan, a?

Tanimay-chi?! Nuriddin Turkmanistondagi lagerga kelganidan to ketgunicha u bilan it-mushuk boʻlib yashadi. Qoshlarigacha qirib yuruvchi bu odamni hamma «Bublik» der, koʻpchilik undan hayigʻib yurardi. Nuriddin esa, unga «maymun» deb laqab berib, boʻysunishni istamagan edi.
— Bublikni taniysan, — dedi Tengiz undan javob kutmay. — Bublik sendan xafa. Xizmatidan boʻyin tovlabsan. Nega xizmatini qilmading?
— Men uning quli emasman.
— Qiziq... qiziq... sen yanglishma, esh... bola, kimdir kimgadir qul boʻlishi kerak. Bu dunyo oʻzi shunaqa. Sening qullikdan oʻzga chorang yoʻq. Yo qul boʻlib yashaysan, yoki oʻlasan!
— Odamning qulligi toʻgʻri. Lekin siz ham yanglishmang. Odam faqat Yaratgangagina quldir. Banda bandaga qul boʻlmaydi. Ayniqsa, musulmon kofirga qul boʻlmaydi.
— Men Tengizman! Mening xizmatimni qilasanmi?
— Yoʻq.
— Oʻylab javob ber.
— Bublikka nima javob qilsam, sizga ham javobim shu.
— Mendan qoʻrqmaysanmi?
— Nega qoʻrqishim kerak? — Nuriddin unga tik qaraganicha jilmaydi. — Siz meni urarsiz, nari borsa oʻldirarsiz. Odamlar oʻlimdan qoʻrqadilar. Ularning nodonligi ham shunda. Qoʻrqsa-qoʻrqmasa baribir oʻladi-ku? Men oʻlimdan qoʻrqmayman. Demak, sizdan ham qoʻrqmayman. Men faqat Ollohdan qoʻrqaman.
— Durustsan, bola! Ammo oʻlimning har xili boʻladi. Yoshlikda oʻlib ketaverish alam qiladi. Men, masalan, hozir oʻlishni istamayman. Hali koʻp yashashim kerak. Koʻp odamlar bilan hisob-kitobim bor.
— Bu siz bilan mening istagimga qarab boʻladigan ish emas. Bu yogʻi taqdir yozugʻimizga bogʻliq. Lekin Xudo sizga uzoq umr berishi mumkin.
— Nega? — Tengiz Nuriddinning gapidan chindan ham ajablandi.
— Ollohning va’dasi bor: ba’zi odamlar yanada koʻproq gunoh qilib olishi uchun umrini uzoq qilar ekan.

Bu gap Tengizga yoqmadi:
— Oʻchir ovozingni! — deb jerkib berdi.
— Bu mening gaplarim emas...
— Oʻchir, deyapman! Menga qara, qaysarliging uchun senga «esh-shak» deb laqab berishgan. Xoʻsh, esh-shakligingcha qolasanmi yo biz aytgan yoʻlga yurasanmi?
— Siz aytgan yoʻlga yurmayman, ovora boʻlmang.
— Unda oʻlasan.
— Buni Xudo biladi.
— Yaxshi, mardliging ham bor ekan. Mayli, seni itday xorlatib oʻldirmayman, erkakday oʻlishing uchun imkoniyat yaratib beraman. Mening odamim bilan yakkama-yakka olishasan. Tanla: musht bilanmi yo tigʻ bilanmi?
— Tanlash huquqini sizlarga berdim. Odamingizning chogʻi nimaga kelsa, shunday olishsin.
— Katta ketma bola! Demak, bunday: avval musht bilan, keyin tigʻ bilan!

Raqibini pichoq bilan nobud qilguday boʻlsa, boshiga balolar orttirishi mumkinligini bilgan Nuriddin tigʻni rad etdi:
— Ikkala imkoniyatni odamingizga berdim. Men mushtimga ishonaman.
— Katta ketyapsan, bola! Bilib qoʻy: bu olishuvda faqat bitta odam tirik qoladi.

Tengiz shunday deb uch qadam chekindi-da:
— Bifshteks! — deb chaqirdi.

Mushaklari oʻynab turgan baland boʻyli yigit hayallamadi. Harqanday raqibini qiymalab tashlashga qodir boʻlgani uchun «Bifshteks» laqabini olgan bu yigit Tengizning birgina imosidan maqsadini anglab, jangga hozirlandi. Tengiz hali jang maydonini boʻshatmay turib, keskin tarzda bir aylandi-da, raqibining jagʻini moʻl tepmoqchi boʻldi. Nuriddin garchi bu qadar tez hamlani kutmagan boʻlsa-da, jangga shay edi. Shu bois jagʻini tepki zarbiga roʻpara qilib qoʻymadi. Keskin engashib, shu asnoda mushtini ishga solishga ulgurdi. Bifshteks kuchli zarbaga moʻl havolatilgan oyogʻini idora qilishga ulgurmay nozik yeridan musht yeb, bukchayib qoldi. Nafasi qaytib, ingrab yubordi. Nuriddin uning oʻziga kelib olishini kutib, chekindi.
— Payti kelganda urib qol! — dedi Tengiz.
— Men nomard emasman, — dedi Nuriddin raqibidan koʻz uzmay.
— Unda oʻzingdan koʻr. U senga mehribonlik qilib oʻtirmaydi.
— Mehribonligiga zor emasman.
— Rostdan ham esh-shak ekansan! — Tengiz shunday deb sigaret tutatdi. Soʻng oʻzini hanuz oʻnglay olmayotgan mulozimining ketiga tepdi. — Bir mushtlik holing bormi, bundan koʻra oʻlganing yaxshimasmi? Boʻldimi, ketaversinmi?
— Yoʻ-oʻq! Bu yerdan bitta odam ketadi. Men hozir uni qiymalab tashlayman. — Bifshteks shunday deb choʻntagidan buklama pichoq chiqarib, tugmachasini bosdi; dudama tigʻ oftobda yaltillab ketdi.

Nuriddin uchun bu birinchi olishuv emasdi. Shu sababli dovdirab qolmadi. Yengil harakat qilganicha Bifshteksni chalgʻitib, birin-sirin zarbalar bera boshladi. Faqat bir marta tigʻ uning chap bilagini tilib oʻtdi. Tilingan yerdan sizib chiqqan qonni koʻrib, Bifshteks mamnun jilmaydi. Buni jon olgʻuvchi asosiy zarbaning debochasi deb oʻyladi. Ha, chindan ham bu asosiy zarbalarning boshlanmasi edi. Ammo zarbalarni u emas, Nuriddin berdi. Ketma-ket tepki zarbalari uning hayot-mamotini hal qildi: avval jagʻi sinib, iyagi uzilib, uchib ketay dedi. Keyingi tepki boʻgʻzini pachoqladi. Nafasi boʻgʻildi. Koʻziga qon toʻlgan Nuriddin uning bu holini koʻrmadi. Chaqqon sakradi-da, ikkala oyogʻi bilan uning koʻkragini moʻl tepdi. Tepish asnosida oʻzi ham chalqancha yiqilib, bir necha nafas hushini yoʻqotdi. Hushiga kelgach, tepasida pichoq sanchishga tayyor turgan Bifshteks paydo boʻlishini kutdi. Sakrab turmoqchi edi, badani oʻziga boʻysunmadi. Yana ikki-uch nafas behol yotib, soʻng qaddini asta koʻtardi. Toʻrt-besh qadam narida uzala tushgan Bifshteksni, tiz choʻkanicha uning bilagini ushlab koʻrayotgan Pachoqburunni, uning tepasida sigaret tutatib turgan Tengizni koʻrib, olishuv yakunlanganini fahmladi.
— Oʻlibdimi? — dedi Tengiz, sigaret qoldigʻini nari uloqtirib. — Oʻlibdimi?! Nega baqaga oʻxshab angrayasan?

Pachoqburun tasdiq ishorasini qilib oʻrnidan turdi. Tengiz orqasiga oʻgirilib, Nuriddin tomon yurdi.
— Koʻrdingmi? Oʻlibdi. Eng yaxshi odamimni oʻldirding. Xoʻsh, endi nima qilamiz? Qolgan oʻn yilingni yigirma beshga aylantiramizmi? Yo menga qoʻshilasanmi?

Nuriddin oʻrnidan turib, labidagi qonni artdi.
— Sizga qoʻshilsam, urishib oʻtirmas edim.
— Sen oliftagarchilik qilma, baribir sinasan.
— Sinishdan oldin oʻzimni oʻldiraman.

Tengiz bir soʻkindi-da, oʻgirilib, Pachoqburunga baqirdi:
— Nimaga lallayasan?! Koʻtar, daryoga tashla. Kum1ga borib, Bifshteks qochdi, deb ayt. Keyin lepila2ni boshlab kel.

Qamoq lagerining tabibi muolija qilib ketgach, Tengiz Nuriddinni chaylaga boshladi. Eski gazetalardan iborat «dasturxon» usti betartib edi. Pachoqburun kirib, chala yeyilgan non-goʻshtlarni yigʻishtirib chiqib ketgach, Tengiz alyumin krujkaga toʻlatib aroq quydi-da, mehmonga uzatdi. Nuriddin uni olish uchun qoʻl ham uzatmadi.
— Ha, — dedi Tengiz, qoshlarini chimirib. — Hazar qilyapsanmi?
— Ichmayman, — dedi Nuriddin. Soʻng tarang vaziyatni yumshatish maqsadida qoʻshib qoʻydi: — Shu paytgacha ichmaganman.
— Namoz oʻqiysanmi?
— Yoʻq.
— Unda menga oʻxshagan chala musulmon ekansan. Ichmaydigan odamlarni hurmat qilaman. Ichishni anavi toʻngʻizlarga chiqargan. Bu nima, bilasanmi?
— Aroqni aytyapsizmi?
— Ha, sen bilan men buni aroq deymiz. Aslida bu bizning millatimizni qirib tashlovchi atom bomba. Bu enagʻarlar bizlarni qanday quritishni bilishgan. Sen bilan biz buning fahmiga bormay ichaveramiz, ichaveramiz. Ichib olib bolalarni tugʻdiraveramiz. Borib-borib millat qirilib ketganini bilmay qolamiz. Senlar koʻpsanlar, uncha bilinmas balki. Ammo biz kammiz. Hademay qirilib bitamiz.
— Siz... gruzinmisiz?
— Yoʻq... — Tengiz miyigʻida kuldi: — Men — avarman! — Tengiz bu gapni iftixor bilan aytdi. — Avar degan xalq bor bu dunyoda, eshitganmisan?

Nuriddin eshitmagan edi. Bir oz xijolat boʻlgani holda bu haqiqatni tan oldi.
— Sen meni gurjiga oʻxshatma. Ular Qofqazni sotishgan. Mening boboblarim esa qofqazimizni bu kofir toʻngʻizlardan himoya qilgan. Imom Hamzat, imom Shomil, Hojimurodlarni eshitganmisan? Ha, eshitmagansan.
— Men... oʻqimaganman. Sakkizinchini bitirib, dalaga chiqib ketganman. Keyin harbiyga chaqirishib, Afgʻonga tashlashdi. Keyin bu yerlar... qoʻlimga bitta kitob olib oʻqimaganman sira.
— Unda seni «esh-shak» deganlari toʻgʻri ekan. Qaysarliging uchun emas, oʻqimaganing sababli esh-shaksan. Oʻqimagan odamning esh-shakdan nima farqi bor? Sen mening tariximni bilmaysan. Oʻzingnikini bilasanmi? Sening hamzatlaring, shomillaring bormi? Bilmaysan! Esh-shak ham oʻzining ota-bobolarini bilmaydi. Gaplarimga hayron boʻlyapsanmi? «Oʻgʻridan ham shunaqa gaplar chiqadimi?» deyapsanmi? Men oʻgʻri boʻlib tugʻilmagan edim. Ota-bobom ham oʻgʻri emasdi. Men oʻzimnikilarning ushogʻiga ham xiyonat qilmaganman. Men yerimga oʻgʻri boʻlib bosib kirganlarning mol-joniga qiron keltiraman. Men oʻgʻri emas, qasoskor, xunxoʻrman! Ammo oʻgʻri degan unvonni olganman. Men uchun qasosning oʻzgacha yoʻli yoʻq. Bilasanmi, men salkam oliy ma’lumotli faylasufman. Ha... meni toʻrtinchi kursdaligimda haydashgan. Leningradda oʻqirdim. Bir professor bor edi, — Tengiz shunday deb istehzoli jilmaydi. — Nikolay Aleksandrovich Sagoev degan. Qiziq, a? Ismi oʻrischa, nasabi togʻliklarniki. Keyin bilsam asli Nazir Alievich Sagoev ekan. Tilimni tiyolmay oʻshanga bir kuni aytdim: «Muhtaram professor, mayli, oʻzingizning ismingizni oʻrischa qilibsiz, otangizning shunday chiroyli ismini nega oʻzgartirasiz? Sizda togʻliklar nomusidan zarracha bormi?» dedim. U enagʻar meni komsomol majlisiga qoʻydi. Mening qaysarligim tutib, majlisda avarcha gapirdim. Oʻsha professorning oʻzi tarjima qilib turdi. Oʻris deganlarning jazavalari tutganini koʻrsang edi. Qoʻllaridan kelgani — meni komsomollaridan haydashdi.

Shartta turib: «Men avarman! Avarligimcha oʻlaman! Tupurdim senlarga!» dedim. Shu bahona boʻlib oʻqishdan haydashdi. Keyin men bu «oʻqishga» kirdim. Birinchi qilgan ishim — Sagoevning uyini bosdim. Avar knyazlari ham unchalik boy boʻlishmagandir. Togʻlik yigitlarni oʻqishga kiritib qoʻyaman, deb tozza shilar edi u enagʻar. Uyini shilib, qolgan-qutganini yoqib yubordim. Oʻn yil badalida ikki marta qoʻlga tushib, pishdim. Oʻn birinchi yili «qonundagi oʻgʻri» martabasini berib, menga toj kiydirishdi. Endi bildingmi, kimligimni? Bu toʻngʻizlar meni qul qilish uchun yerimga bostirib kirishgan edi. Endi ularning oʻzlari mening qulim. Bifshteksni oʻldirganing uchun zarracha afsuslanmadim. Bu enagʻarlar qancha koʻp oʻlsa, shuncha yaxshi. Sen esa... yashashing kerak! Men senga «Hamzat» deb nom beraman. Shomil bilan Hojimurod ham bizning qahramonlarimiz. Lekin men ularni uncha yaxshi koʻrmayman. Ular oxiri sinishgan. Oʻrisga taslim boʻlishgan. Hamzat esa, sinish u yoqda tursin, hatto salgina egilmadi. Joynamozning ustida boshi uzildi. Senda ham shunga yaqin fazilat koʻrdim. Shuning uchun senga mehrim tushdi. Shuning uchun bu gaplarni senga aytyapman. Ammo sen bola, qaysarligingni arzon bahoga sotar ekansan. Sen mayda-chuyda gaplardan ustun tur. Sen millat uchun sobit boʻlishni oʻrgan. Shunga aqling yetadimi? Yoʻq, yetmaydi... Afsus, afsus, yetmaydi. Men oʻzbeklar orasida senga oʻxshagan mardini kam koʻrganman. Senlarning sinishlaring oson. Sen bu yerlardan sinmaydigan odam boʻlib chiq. Koʻzlaringni ochib, odam boʻlib chiq! Hamzat, bir kuni kelib gaplarimni eslaysan. Ana shunda bu oʻgʻri unchalik ahmaq emas ekan, deb tan olasan.

Hayot-mamot olishuvi Nuriddin, endilikda Hamzat uchun kutilmagan hodisa edi. Qahrli oʻgʻrining bu gaplari esa, mutlaq kutilmagan hol boʻldi. Bu gaplarning magʻzini chaqishga harakat qildi. Keyingi uchrashuvlarda yana shu haqda gap ochilarmikin, deb kutdi. Biroq, Tengiz qahrli oʻgʻriboshi libosini yechib, ochilib gaplashmadi. Faqat ancha keyin, nohush voqealar soʻngida ajralar mahallarida «Sen mening himoyamdasan. Men oʻlsam, odamlarim himoya qiladilar. Sen oʻsha kungi gaplarimni unutmasang boʻldi: aslo sina koʻrma!» deb ta’kidladi.

Murik

Qamoq olamining ikki tartib-intizomi bor. Birinchisiga huquq idoralari tartib berganlar. Bunisi qogʻozga tushgan, muhrlangan. Unga koʻp holda amal qilinmaydi. Ikkinchisi qogʻozga yozilmagan, muhrlanmagan. Ammo unga bexato tarzda boʻysuniladi. Qonundagi oʻgʻrilar tomonidan joriy etilgan tartib-qoidalarning buzilishi ulugʻ bir fojia sanalib, buzgʻunchi kechirilmaydi.

Qamoqxonalar, lagerlar garchi simtoʻsiqlar bilan oʻralib, qurolli soqchilar bilan qoʻriqlansa-da, oʻgʻrilar turli oʻlkalarga sochib yuborilgan boʻlsa-da, ularni bir-birlariga bogʻlab turuvchi botiniy robita gʻoyat mustahkam edi. Belorussiyadagi lagerda boʻlayotgan gaplarni Moskvadagi generallardan avval Vorkutadagi mahbuslar eshitishardi. «Lager teletaypi» deb nomlanuvchi xabar xizmati bexato ishlardi. Generallar botiniy zanjir mavjudligini, uning har bir hal-qasini bilishsa-da, oʻzlarini bilmaganga olishardi. Halqalarni uzib tashlash qoʻllaridan kelsa-da, botina olishmas edi. Zero, ta’bir joiz boʻlsa, oʻzlari ham shu zanjirning bir halqasi edilar.

Tartib etilgan qoidalarga koʻra, «lager teletaypi» Murikning bu tomonlarga kelishini oʻn besh kun avval ma’lum qilgan edi.

Daraxt kesiladigan joy oʻzgarib, daryo sohilidagi chayla ham koʻchirilgan edi. Quyosh yoz fasliga xiyonat qilib, kuzning zaharli nafasi hukmini oʻtkaza boshlagani uchun chaylaga joylashgan «politbyuro»ning «shtab-kvartira»si barakka koʻchirilgan edi. Bu yerlarning betayin havosi oʻzini namoyish etgan — ezib yoqqan yomgʻirdan soʻng oz fursat yuz ochuvchi oftob badanga harorat berishga ulgura olmas ham edi. Mahbuslarni qiyratib tashlagan chivinlar kelgusi yozda uchrashish umidida issiq uyalariga kirib ketganlar. Chivinlar azobidan qutulgan mahbuslar uchun shu shilta ayozli mavsum a’loroq tuyular edi.

Egniga paxtali kalta toʻn, boshiga telpakni qiyshaytirib kiyib olgan Tengiz nam tortgan xashak ustida uzala tushib yotganicha pinakka ketgan edi. Pachoqburun kirib, uning oromini buzdi.
— Nima deysan?— Tengiz esnab, qaddini koʻtardi.
— Naxodkadan ksiva bor.
— Oʻqi, kimdan ekan?
— Garbuzdan.
— Garbuz? — Tengiz «kim ekan u?» deb oʻyladi. Har qancha tirishsa ham Garbuzning kim ekanini eslay olmadi. Uning xotirasi yaxshi edi. Bir koʻrgan odamini, bir marta eshitgan ismni oʻn yildan keyin ham qiynalmay eslardi. Leningradda oʻqib yurgan kezlari u boshqa talabalar kabi daftar tutmas edi, mual-limlarning ma’ruzalarini yozmas edi, xotirasida saqlab qolardi. «Mening darsimni mensimaysan», deb da’vo qilgan muallimga Leninning «Falsafa daftari»dan bir necha sahifani yoddan aytib bergach, doʻstlari uni «tirik kompyuter» deb atay boshlagan edilar. Ana shunday mukammal xotira egasi Garbuzni eslay olmadi. Pachoqburun xatni oʻqiy boshlagach, masala oydinlashdi. Pachoqburunning faqat burni emas, bilimi ham pachoqqina edi. Beshinchi sinfda ikki yil sabot bilan oʻqigach, oltinchi sinfga bormay qoʻya qolgandi. Rus alifbosidagi oʻttiz uch harfning teng yarmidan koʻprogʻini, ya’ni naq oʻn yetti harfni erkin oʻqiy olish martabasiga yetgan bu «donish»ning oʻziga oʻxshash bir oʻgʻri qoʻli bilan yozilgan maktubini hij oʻqishini tasavvur qiling-u, Tengizning chidamiga qoyil qolavering. Ammo Tengiz ham temirdan emas. Uch-toʻrt jumla oʻqilguncha chidadi, soʻng xatni Pachoqburunning qoʻlidan yulqib oldi. Katak daftar sahifasining bir burchi yirtilib, Pachoqburunning barmoqlari orasida qoldi. Xatga koʻz yugurtirgan Tengizning yuragi battar siqildi. Bu odam qoʻli bilan yozilgan xatmi yoki siyohga botirib qogʻoz ustiga qoʻyib yuborilgan oʻrmon chumolisining izlarimi, buni eskpert aniqlab bermasa, oddiy odamning farqlashi qiyin edi. Tengiz unda-bunda harfni eslatuvchi belgilarni qoʻshib, bir amallab oʻqiy boshladi:

«Oʻgʻrilar omon boʻlsin!

Salom, Tengiz, salom qorindoshim! Senga yetib ma’lum boʻlsinkim, bu men — Oleg «Garbuz»man. Senga va Irkutsk tsentralidagi barcha oʻgʻrilarga, «politbyuro» a’zolariga, sizlarning yelkadoshlaringizga birodarlik salomlarim boʻlsin! Qimmatbaho salomatliklar qalay? Xudo barchalaringizga uzoq yillar omonlik bersin.

Qorindoshlar, jondosh oʻgʻrilar, bizning Naxodkada mendan tashqari Valdemar «Olov», Boris «Shimol» ham bor. Biz uch oʻgʻrimiz, ammo haligacha birontamiz toj kiyish baxtiga muyassar boʻlmaganmiz. Malyavamning dastlabki satrlaridayoq oʻz murodu maqsadimni bayon qila qolay: men siz mehribon oʻgʻrilarning biringizga uka, biringizga doʻst, ulugʻlarga esa oʻgʻil yoki jiyan boʻlib, moʻ‘tabar oʻgʻrilar oilasining teng a’zosi sifatida qatorlaringizga kirmoqlikni orzu qilyapman. Men bundan buyongi hayotimni oʻgʻrilik mehrobiga atadim. Bundan buyon siz mehribon zotlar bilan yelkama yelka turib, barcha dardu alamlarni birga totmoqqa, teng baham koʻrmoqqa qaror qildim.

Qadrdonim Tengiz! Men qamoqda hali koʻp oʻtiraman. Oʻgʻrilarning muqaddas oilasiga a’zo boʻlsam, «qonundagi oʻgʻri» tojiga lozim koʻrilsam, balki qolgan umrimni ham qamoqda oʻtkazarman. Bu masalada sizlar nima iroda qilsangiz, shu boʻladi. Men ozodlikda yurganimda sizlar haqingizda koʻp eshitganman. Sizlar tomonga intilganman. Biroq, sizlar bilan yuzma-yuz uchrashish baxti menga nasib etmadi. Xatimni oʻqib boʻlgach, barcha kamchiligu gunohlarimni yozib yuborarsizlar. Sizlarning koʻrsatmalaringizga amal qilib, bundan keyingi hayotim masalalarini oʻgʻrilar qoidasiga xilof qilmagan holda yechib borayin. Men qanday ogʻir kunlarda sizlarni bezovta qilayotganimni bilib turibman. Iltimosim qabul qilingan taqdirda roʻparamda qanday mashaqqatlar turganini ham his etyapman. Bu satrlarni yozish ham menga oson boʻlmadi. Bu xat oʻzimning hayotim xususidagi bir hukmdir. Soʻnggi nafasimga qadar oʻgʻrilarning ulugʻ oilasiga sodiq qul boʻlib xizmat qilaman. Agar u dunyoda ham oʻgʻrilik hayotini davom ettirish lozim boʻlsa, u dunyoda ham faqat oʻgʻrilar oilasiga qulman.


Aziz va qondosh oʻgʻrilar! Endi oʻzim haqimdagi ma’lumotni yozay: men tulalikman. Birinchi marta 1978 yil 2 mart kuni mashina oʻgʻirlash paytida qoʻlga tushib, olti yilga qamaldim. Bir yildan soʻng oʻsmirlar qamoq lageridan kattalarnikiga oʻtdim. Ikki yil Yaroslavlda oʻtirdim. Soʻng «Etap» bilan Lvovga yuborildim. Zekvagonda Seryoja «Oqqush» bilan tanishdim. U menga koʻp narsalarni oʻrgatdi. Lvovda ekanimda oʻgʻrilar qurultoyi boʻldi. Sakson toʻrtinchi yilda ozodlikka chiqdim. Oʻn besh kundan soʻng 212-moddaning uchinchi bandi bilan yana besh yil berishdi. Hali Tuladagi qamoqda ekanimda oʻgʻrilarning qurultoyi boʻldi. Vitya «Kalina», Sulton Chechen bilan shunda tanishdim. (Sultonni Xudo rahmat qilsin, yotgan yeri momiq boʻlsin!) Sulton meni lagerdagi tartibga boshliq qilib ketdi. Koʻp oʻtmay promzona komendanti oʻldirilib, hamma yoq agʻdar-toʻntar boʻldi. Komendant zonada qanjiq-musorlarning qurultoyini oʻtkazmoqchi edi. Mening boʻynimga hech nima ilisha olmadi. Ammo Tverga borgach, yana bir yarim yilni boʻynimga ilishdi. Bu yerda boshqa oʻgʻrilar boʻlmagani sababli sizlarinng birodaringiz Ostap «Janjal» bu yerdagi tartib-intizomni boshqarishni menga topshirdi. Bu ishonch men uchun katta baxt edi!

Uchinchi marta bankka hujum qilganimda qoʻlga tushib, mana shu yerda oʻtiribman.

Iltimosimga javobni sabrsizlik bilan kutaman.

Siz — eng mehribon, eng halol oʻgʻrilarga mustahkam sogʻliq va ozodlik tilayman.

Siz ulugʻ zotlarni gʻoyibona bir-bir bagʻriga bosuvchi tulalik Oleg «Garbuz». 26.08.1988. Naxodka.»

Tengiz xatni oʻqib boʻlgunicha koʻzlari tinib, gardanida ogʻriq paydo boʻldi. Avval mijjalarini yengil uqalab, soʻng gardanini siladi. «Bitxat boʻlsa ham gaplarni topib yozarkan. Agar oʻzining kallasidan chiqarib yozgan boʻlsa, ahmoqqa oʻxshamaydi, — deb oʻyladi Tengiz. — Lekin... Nima uchun shu paytgacha u haqda eshitmagan ekanman?» Tengiz shu xayol bilan Pachoqburunga qaradi. U buyruqqa mahtal holda somelik ila turardi.
— «Politbyuro»ni toʻpla.

E’tiborli oʻgʻrilarni yarim soat ichida toʻplab kelish uchun Pachoqburunga shu qisqa buyruqning oʻzi kifoya qildi.

«Politbyuro» deganlari tojdor oʻgʻrilardan iborat kengash edi. Garchi Tengizning obroʻyi qamoq lageri boshligʻidan ham balandroq boʻlsa-da, ayrim masalalarda bu kengash hukmiga xilof ish koʻrishga huquqi yoʻq edi.

Bifshteks oʻldirilganidan beri «politbyuro» yigʻilmagan edi. Ha, oʻshanda Tengiz bir adashdi. U aslida Nuriddinning adabini berib qoʻymoqchi edi, soʻng oʻzi tomon ogʻdirmoqchi edi. Hirsday Bifshteksning bir tepki bilan oʻlib qolishi hayoliga ham kelmagan edi.

Lagerda Bifshteksning «qochgani» haqida xabar tarqalishi bilan Valera «Qoʻtos» deb laqab olgan «politbyuro oqsoqoli» Tengizni chaqirtirdi. Qoʻtos qolgan umrini qamoq lageriga bagʻishlagan oʻgʻrilardan edi. U ozodlikka chiqishni istamasdi. Qamoq muddati nihoyasiga yetay deganda bir qiliq chiqarardi-yu, oʻzining ta’biri bilan aytilganda, «kurort mavsumi choʻzilardi». Uning asosiy vazifasi — kelajakda ulugʻ oʻgʻri boʻlib yetishishi mumkin boʻlgan yigitlarni aniqlab, tarbiyalash edi. Shu jihatdan qaralganda Nuriddinning tarbiyasi bilan avval «Qoʻtos» shugʻullanishi lozim edi.

Qoʻtosning yoʻqlovi Tengiz uchun kutilmagan boʻlmadi. Bugunmi-ertami baribir roʻpara boʻlishini bilib, javoblarni tayyorlab qoʻygan edi. Ammo Qoʻtosning belgilangan barakda yakka oʻzi emas, «politbyuro» a’zolari bilan birgalikda kutib olgani Tengiz uchun kutilmagan hol boʻldi. Xayoliga «nima bu, toʻntarishmi?» degan fikr chaqmoq nuriday urildi-yu, oʻsha zahoti soʻndi. Chunki Tengiz shunday boʻlgan taqdirda ham ogʻir ahvolda qolmasligini bilardi. Bunga oʻxshash isyonlarning hisob-kitobini qilib qoʻygani uchun xotirjamligini yoʻqotmadi.

Qofqazlik tojdor oʻgʻrilar bilan hazillashib boʻlmasligini bilgan «politbyuro» a’zolarida Tengizga qarshi bir ish yuritish fikri yoʻq edi. Ular faqat Bifshteks taqdirini oydinlashtirib olmoqchi edilar.

Tengiz ostona hatlashi bilan Qoʻtos oʻrnidan turdi-da, unga peshvoz chiqdi.
— Knyaz, sen xafa boʻlma, favqulodda hol bizni toʻplanishga majbur etdi, — dedi u, Tengizga qoʻl uzatib.

Qofqazlik tojdor oʻgʻrilar oʻzlarining kelib chiqishlarini mashhur knyazlarga bogʻlaganliklari uchun asosiy laqablari qolib, hurmat yuzasidan ularga «knyaz» deb murojaat qilish oʻgʻrilar olamida odat tusiga kirgan edi. Bu odat barcha «knyaz»lar qatorida Tengizga ham yoqar edi. Yetti pushti oliymaqom xonadonga yoʻlamasa ham u oʻzini chinakam knyaz his qilardi. Qoʻtosning «knyaz» deb murojaat qilishi esa vaziyatning aytarli keskin emasligiga dalolat edi.

Tengiz yigʻilganlar bilan birma-bir koʻrishgach, toʻrga oʻtdi. Qoʻtos uning yoniga oʻtirdi. Tengiz sigaret tutatgach, Qoʻtosga yuzlandi:
— Nima boʻldi?
— Bizni Bifshteks qiziqtiryapti. U hamisha sening yoningda boʻlardi?
— Ha, boʻlardi, — dedi Tengiz xotirjam ravishda. Soʻng xuddi oddiy bir xabarni eslaganday qoʻshib qoʻydi: — Oʻlmasidan ilgari...
— Oʻldimi? — Qoʻtos ajablanib, toʻplanganlarga qarab oldi. Ular ham hayratlarini yashirmay Tengizga tikilishdi. Lager hayotida birovni oʻldirish, yoki itday oʻlib ketish aytarli ajablanarli hol emas. Tojdor oʻgʻrilarni hayratga solgan narsa — yaqin odamlarining oʻlimi tafsilotidan vaqtida xabar topmaganlarida edi. Agar sheriklariga bu olamga begona kimsa qasd qilgan boʻlsa, kechiktirmay jazolashlari shart. Tengiz ularning bu fikrini ham uqsa-da, javobga shoshilmadi. Sigaretni yana ikki-uch, chuqur-chuqur tortib, nafsini orom toptirgandan keyingina javob berdi:
— Ha, oʻldi. Bir mishiqini eplay olmadi. Adabini berib qoʻy, devdim, bir tepkini koʻtara olmay oʻldi. Bola balo ekan.
— Kim? Sen uni oʻldirdingmi? — Bu safar Qoʻtosning ovozida tahdid sezildi.
— Ayb u bolada emas.
— Kimligini ayt bizga!
— Bilishga qiziqayotgan boʻlsalaring aytaman: «Eshshak», Bublikka egilmagan bola.
— Uni menga qoʻyib berishing kerak edi?
— Boʻlar ish boʻldi endi. Men sinab qoʻrdim — mard bola ekan. Yaxshilab tarbiya qilsang zoʻr oʻgʻri chiqadi undan. Ammo u endi u «esh-shak» emas, nomi «Hamzat» boʻladi.
— Nega?
— Men shuni xohladim.
— Knyaz, sen haddingdan oshma! — Ukraina tomonlarda «Koshak» nomi bilan mashhur boʻlgan oʻgʻri Tengizning soʻzini dagʻallik bilan uzdi: — Sen musulmoningni himoya qilib, zoʻr yigitni oʻldirtirib yubording!

Tengiz sigaretini tutatib, unga tutun orasidan koʻzini sal qisibroq qaradi:
— Koshak, bilmasang bilib qoʻy: mening dinim ham, millatim ham — oʻgʻri! Qoʻtos, sen bunga tushuntirib qoʻy. — Tengiz shunday deb oʻrnidan turdi. Ostonaga yetganida toʻxtab, orqasiga oʻgirildi. — Koshak, bilib qoʻy, bu olamda faqat bittagina oʻgʻri degan millat bor. Bu millat oldida boshqalari sariq chaqa. Agar shunga aqling yetmasa, sen oʻgʻri emassan, mujiksan! — Tengiz eshikni bir tepib ochdi-da, tashqariga chiqdi. Uch-toʻrt qadam yurib, toʻxtadi. Uning fikricha, hozir ortidan Qoʻtos chiqib kelishi lozim edi — yanglishmadi.
— Knyaz, sen xafa boʻlma. Koshakka yetadigan ahmoq bu dunyoda kam topiladi. Ahmoqona gaplarni koʻp gapiradi-yu, ammo yuragi toza bola. Koʻnglida kiri yoʻq. Sening nima uchun achchiqlanganingni tushunmay oʻtiribdi, u ahmoq! Tushunganidan soʻng oʻzi kelib sendan kechirim soʻraydi.
— Xafa emasman,— Tengiz shunday deb jilmaydi,— oilamizga bir-ikkita shunaqa dovdir ham kerak. Boʻlmasa, yashashning qizigʻi qolmaydi.
— Toʻgʻri aytasan. Unga shu yerlarda chidash mumkin. Ozodlikda bunga sherik boʻlganning shoʻri quriydi.

Qoʻtos toʻgʻri aytgan edi — Koshak ikki kundan soʻng Tengizdan uzr soʻradi. Oʻzining ham dunyoda yagona oʻgʻri millatidan ekanini bayon qildi.

Ana oʻsha voqeadan beri «politbyuro» endi rasmiy kengashga chorlangan edi. Oleg «Garbuz»ning iltimosnomasini oʻqishdan avvalroq Tengiz, «politbyuro»ni chaqirishni reja qilib qoʻygan edi. Kecha oqshomda qoʻliga yetib kelgan bir xabar uni «politbyuro» bilan maslahatlashishga undagan edi.

«Politbyuro» toʻplangach, Tengiz oʻtirgan yerida ularga bir-bir qarab chiqdi.
— Knyazlarim, — garchi qofqazliklardan boshqalar bu nomga da’vo qilmasalar-da, Tengiz ularga boʻlgan hurmatining baland ekanini bildirib qoʻyish uchun gapini shunday boshladi, — knyazlarim, bugun biz ikki muhim masalada yagona qarorga kelishimiz kerak.

Tengiz birinchi masala deb Oleg «Garbuz» iltimosini bayon qildi. U gapini tugatmayoq Koshak e’tiroz bildirdi:
— Onasi oʻn marta qayta tugʻsa ham undan oʻgʻri chiqmaydi, — dedi u stolga kafti bilan urib-urib qoʻyib. — Kozel u! Boshqa gap yoʻq! Tulada nima uchun suvdan quruq chiqqan? Kozel edi! Promzona komendanti bizning odam edi. Hech qanaqangi qanjiq-musorlarga aloqasi yoʻq edi.
— Aniq bilasanmi? — deb soʻradi Qoʻtos.
— Oʻshanda men Kurskda edim. Aniq bilaman.
— Men «Garbuz» deganini endi eshityapman. Kozel boʻlsa nima uchun shu paytgacha jazosiz yuribdi?
— Tutqich bermayotgandirda. Agar unga toj kiydirsak, hammamiz rasvo boʻlamiz.
— Agar kozel boʻlsa... agar ayyor boʻlsa... — Tengiz oʻylanib qoldi. — Boshqa lagerlarga ham shunaqa xat yozgandir? Tezda aniqlash kerak. Qoʻtos, oʻzing shugʻullan bu ish bilan. Agar shunday qilgan boʻlsa, boshiga toj oʻrniga sirtmoq ilish kerak. Ilganda ham pinhona emas, shov-shuv bilan osib oʻldirish kerak. Boshqa kozellar oʻzlarini nima kutayotganini bilib qoʻyishsin. Birinchi masala — tamom! Endi ikkinchisi — biz tomonlarga «Murik» kelayotgan emish, — Tengiz shunday deb oʻtirganlarga savol nazari bilan boqdi.
— Murik? Kim u? — deb soʻradi Qoʻtos.
— Bilmaysizlarmi? — Tengiz istehzoli jilmayib, yon choʻntagidan bir varaq qogʻoz oldi.— «Choʻmich»— Slava Galiulin. MUR1ga xizmat qila boshlagani uchun laqabini oʻzgartirib, «Murik» deb qoʻyishibdi. Ma, oʻqi, — u shunday deb, xatni Qoʻtosga uzatdi.

Qoʻtos maktubga koʻz yugurtirib, bosh chayqadi-da, soʻng ovoz chiqarib oʻqiy boshladi:
— «Irkutsk tsentralidagi halol birodarlarimizga salomlar boʻlsin. Salom yoʻllovchilar — Pskov lageridagi oʻgʻrilar — sizlarga omonlik tilaydilar. Qadrdon oʻgʻrilar, bu shoshqich xatimiz bilan sizlarni ogoh etamiz: biz bilan «Choʻmich» — Galiulin birga boʻldi. Bilib qoʻyinglarki, u bizning pok va muqaddas nomimiz — oʻgʻri nomi bilan yashirinib yurgan bir qanjiqdir. Ha, bilib qoʻying, u OʻGʻRI emas, u qanjiqdir! Oʻgʻri nomiga isnod keltirgani uchun uni faqat qanjiq yoki ABLAH deb atash mumkin. Oʻzini hurmat qiluvchi har bir oʻgʻri, har bir mahbus u bilan shu nomiga yarasha muomalada boʻlishi kerak. Shu bilan birga barcha qanjiqliklari uchun jazosini olishi shart! Yana bilib qoʻyinglarki, Moskvada oʻgʻrilar qurultoyi boʻlib oʻtdi va Choʻmichga nisbatan qaror qabul qilindi. Qarorga binoan, u QANJIQ deb e’lon qilindi. Moskva pupkarlariga xizmat qilgani uchun unga «MURIK» deb nom berildi. Uni qabul qilganlaringda shu qaror yoddan koʻtarilmasin.

Pskovda biz olti oʻgʻrimiz: Kato, Kuyov, Yoʻlbars, Sibir, Avliyo va Olov barchalaringizga ozodlik tilab qoladilar».

Qoʻtos oʻqishni yakunlamay, Koshak stol ustiga musht urib, toʻngʻilladi:
— Choʻmich kelishi bilan menga berasanlar. U bilan ozgina hisob-kitobim bor.

Bu gapni eshitib, Tengiz unga tikilib qoldi.Soʻng kengash a’zolariga savol nazari bilan bir-bir qaradi:
— Xoʻsh, Murikni Koshakka beramizmi? — Tengiz shu savolni oʻrtaga tashlab, sukut qildi.Oʻtirganlardan sado chiqmagach, davom qildi: — Biz oʻgʻrilarning bir ahmaqligimiz bor. Faqat oʻzimizning hisob-kitobimiz bilan qiziqamiz. Oʻgʻrilarning muqaddas olami bilan esa, ishimiz yoʻq. Oilamiz qanjiqlar bilan toʻlib ketyaptimi, irib ketyaptimi, sasib ketyaptimi — ishimiz yoʻq. Xoʻsh, Koshak, Murik seniki. Nima qilasan, oʻldirasanmi?
— Qiynab oʻldiraman.
— Ana shu-da! Nima uchun qanjiqlik qilgan, nima uchun qamalib bu yoqlarga yuborildi? Bilish kerakmi? Gap shu: Murik kelaversin. Yuraversin. Biz esa, goʻyo hech nima bilmaymiz. Biladiganimizni bilib olaylik, ana undan keyin u Koshakniki. Istasa homicha yesin, istasa pishirib yesin. Boshqa gap yoʻq. Takliflaring boʻlsa aytlaring.
— Taklif bor, — dedi Koshak tirjayib. U majlis qaroridan mamnun edi, shu bois bir hazil qilgisi keldi. Soʻzlashga ijozat berilgach, oʻrnidan turib, yoqasini tuzatgan boʻldi: — Oʻrtoq kommunistlar, majlisimiz nomidan KPSS bosh kotibi Gorbachga tabrik telegrammasi yuborsak.

Bu hazil toʻmtoq bolta bilan oʻtin yorishni eslatsada, oʻtirganlar Koshakka qarab jilmayib qoʻyishdi. Tengiz ham kulimsirab, uning bu haziliga yakun yasadi:
— Yaxshi taklif. Telegramma yoz-da, yumaloq muhr oʻrniga nozik yeringni bosa qol.

«Politbyuro» majlisi shu tarzda kulgu bilan yakunlandi. Oradan toʻrt kun oʻtib, Murik tashrif buyurdi. Unga qadar «lager teletaypi» orqali Tengiz muhim ma’lumotlar oldi.

Xiyonat

Matluba eridan xat olib kelgan yigitga boshdan-oyoq razm soldi. Avvaliga «qamoqda birga oʻtirganmikin?» deb oʻyladi. Ammo xushroʻy yigitning jilmayib qarashida, rangi-roʻyida qamoqning sovuq nafasidan asorat yoʻq edi. Yigit «ichkariga kiring», degan taklifdan soʻng tarang qilmay, juvonga ergashdi. Tursunali qamalishidan ilgari, amal otini surib javlon urayotgan mahallarda bu uyni koʻrgan odam oradan bir yil oʻtib-oʻtmay yana ostona hatlab ichkari qadam qoʻyguday boʻlsa, «yopiray, kecha oʻgʻri urib ship-shiydam qilgan shekilli», deb yoqa ushlashi tayin edi. Koʻzni qamashtiruvchi gilamlar, qandillaru javonlar endi yoʻq. Matluba eri qamoqqa olinib, mol-mulki xatga tushguniga qadar yashirishga ulgurganini yashirdi. Qolgani esa, musodara qilindi. Uy xoʻjalik ixtiyorida boʻlgani, Matlubaning oʻzi shu xoʻjalikda ishlayotgani uchun tortib olinmadi. Yangi direktor insof qilib, ularga «uyni boʻshat», deb tiqilinch qilmay, yangisiga joylasha qoldi.

Matluba dardini kimga aytishni bilmay, toʻrt devor orasida toʻrt bolasi bilan kun kechirib yurgan edi. Davlat boylikni tortib olgani bilan Xudo bolalarning rizqini qiymas ekan. Gilamsiz, billur qandilsiz uyda ham yashash mumkin ekan. Dunyoda tirik beva faqat u emas ekan. Tirik yetimlar ham koʻp ekan. Eri qamalgan xotinning joni chiqib keta qolmas ekan. Otasi qamalgan bolalar taqdirga tan berib yashayverar ekan, ulgʻayaverar ekan...

Qamoq — jinoyatchi uchun jazo. Bu dunyoda jinoyatga dahli yoʻq odamlar uchun ham jazo bor ekan. Balki harom luqmaga sherik boʻlgani uchun bunday jazo joizdir? Matluba buni bilmaydi. Bu haqda oʻylab ham koʻrmagan. Bunga keyinroq aqli yetadi. Hozir bilgani — qoʻlidagi xatda yozilgan gaplar... Ya’ni har oyda «soliq» toʻlab turish.

Matluba xatni toʻrt marta oʻqib chiqsa ham tushunmadi. Yigitga savol nazari bilan tikilib qoldi.
— Cheksam maylimi? — deb soʻradi yigit hotirjam ravishda. U juvonning hayrat iskanjasida ekanini bilib tursa-da, parvo qilmadi. Uy bekasi bosh irgʻab «chekavering» degach, labiga sigaret qistirdi. Ammo oʻt oldirmay turib soʻradi: — Tinchlikmi? Nima deb yozibdilar?
— Nima deb yozilganni... bilmaysizmi?
— Men birovning xatini oʻqimayman, — yigit shunday deb sigaretini tutatdi.
— Xatni oʻz qoʻllari bilan yozib sizga berdilarmi?
— Yoʻq. Menga birodarlarim keltirishdi. Men eringizni tanimayman. Mening vazifam — xolis xizmat.
— Soliqni... sizga toʻlaymanmi?
— Ha, soliqnimi? — Yigit jilmaydi. — Hozircha menga. Men kelolmasam boshqa odamni yuborishadi.
— Yuborishadi? Kim yuboradi?
— Buni bilishingiz shart emas.
— Men... tushunolmayapman?
— Tushunolmayapman? Mayli, yaxshi xotinga oʻxshaysiz, sizga tushuntirib bera qolay: sizga er kerakmi? Ha, albatta kerak. Sizga er kerak boʻlmasa ham bolalaringizga ota kerak. Demak, u qamoqdan sogʻ-salomat qaytishi shart. Qamoqda esa, opaginam, koʻp odamlar bekordan bekorga oʻlib ketadi. Birovlar bitta kichkinagina toshga qoqilib ham oʻlib ketar ekan. Baxtsiz hodisalar koʻp-da. Qamoqdagi birodarlarimiz eringizni himoya qilishadi. Uning bitta tuki ham bekorga toʻkilmaydi. Siz «soliq» deyapsiz-u, aslida unday emas. Bu xizmat haqi. Hukumat qorovullarga ham maosh toʻlaydiku, toʻgʻrimi? Ana, siz ham shunaqa toʻlaysiz-da.
— Qanchadan toʻlayman?

Yigit darrov javob bermadi. Tutatib boʻlgach, kuldon oʻrniga qoʻyilgan likopchaga sigaret qoldigʻini bosib ezdi-da, toʻlanajak xizmat haqi miqdorini aytdi. Buni eshitib, Matluba bir seskandi. «Xato eshitmadimmi?» deb, soʻradi:
— Bir yilgami?
— Eringizning jonini hurmat qilmas ekansiz, opaginam. Har oyda toʻlaysiz. Balki uch oyligini, balki yarim yilligini qoʻshib oldindan toʻlarsiz. Oldindan toʻlasangiz, bir oz kamaytiramiz, buni oʻzaro kelishib olamiz.
— Menda buncha pul yoʻq... Topganim bolalarim...
— Opaginam, siz topgan pulingizni bolalaringizga ishlatavering. Siz bizga eringizdan qolganidan choʻtal berib tursangiz yetadi.
— Erimdan... hech narsa qolmagan... Bori shu — koʻrib turganingiz. Davlat hammasini tortib oldi.
— Davlatga tuhmat qilmang. Bizning davlat, opaginam, odil davlat! Bilmasangiz bilib oling. Hech qachon hammasini tortib olmaydi. U-buni yashirib olishga imkon beradi. Toʻrtta bolangiz bor, a?
— Ha... — Matlubaning koʻngliga yomon fikr kelib, qoʻrqib ketdi: — Nimaga soʻrayapsiz?
— Shunchaki qiziqdim. Ular ham otalari qaytgunicha sogʻ-salomat yurishlari shart. Ota qamoqdan qayt-sa-yu...
— Bolalarimga tegmang! — Matluba beixtiyor shunday deb baqirib yubordi. Mushtlari oʻz-oʻzidan tugildi.
— Opaginam, oʻzingizni bosing. Bizlar odamxoʻr emasmiz. Biz siz bergan xizmat haqi evaziga oʻzingizni ham, bolalaringizni ham himoya qilamiz. Pul ketsa ketsin, jon ketmasin. Mening yana yarim soat vaqtim bor. Birinchi xizmat haqini bugun olib ketishim kerak.
— Hozir yoʻq menda bunaqa pul.
— Sizdan hoziroq talab qilayotganim yoʻq. Yarim soat vaqtim bor, deyapman-ku? Boʻla qoling, qimirlang.

Bu gapdan keyin ham Matluba bir necha daqiqa harakatsiz turdi. Yigit esa, boshqa gapga hojat yoʻq, deganday indamasdan oʻtiraverdi. Matluba «Yarim soat vaqti boʻlsa koʻchaga chiqib, mashinasida oʻtira qolmaydimi?» degan fikrda unga qarab-qarab qoʻydi.

U «uyda pulim yoʻq» deb yolgʻon soʻzlagan edi. Aslida esa, «biror kunimga asqotar» degan umidda yashirib qoʻygani bor edi. Ammo bu yigit shunday yalpayib oʻtiraversa, u qanday qilib oladi? Undan tashqari bu yigitning aytganlari shunchaki poʻpisami yo jiddiy-mi — hali toʻla farqiga borolgani yoʻq. Dastlab bu yigit koʻziga hushroʻy koʻrinib edi. Endigi oʻtirishi esa... «He, goʻlaymay oʻl!» deb ichida qargʻadi.
— Yarim soat... Birovdan soʻrab topgunimcha... Bir-ikki kundan keyin kelsangiz... topib qoʻyardim.
— Kelib-ketish oson ekanmi? Men ammangizning qishlogʻidan kelganim yoʻq. Xoʻp, mayli, bir-ikki kundan keyin men kelmayman. Oʻzingiz borasiz.
— Oʻzim boraman? Qayoqqa?
— Bahonada adangizni koʻrib kelarsiz?
— Adamni... bilasizmi?

Yigit istehzo bilan kuldi.
— Laqma xotin ekansiz. Uyingizni toʻgʻri topib kelgan odam adangizning ikki yildan beri palaj boʻlib yotganini bilmaydimi? Xullas, ikki kundan keyin adangiznikida koʻrishamiz. Ismim Xursanali, siz ishlayotgan sovxozning hisobchisiman. Tushundingizmi? Bizning siz bilan boʻladigan hisob-kitobimizni birov bilmasa faqat oʻzingizga foyda. Milisadan umid qilmang. Milisa sizga emas, bizga xizmat qiladi. Biz sizga oʻxshaganlardan xizmat haqi toʻplab, hatto oʻsha Maskovdagi generallargacha boqamiz. Shuni unutmasangiz boʻlgani. Siz bilan biz endi begona emasmiz. Ha, aytmoqchi, bizda «bir-ikki kun sabr qiling», degan gap boʻlmaydi. Bir safar mayli, kechiraman. Bundan keyin har bir kun uchun yuz qoʻshiladi. Aql bilan ish yuritsangiz hamyoningiz zarar koʻrmaydi. Eringiz unda tinch, siz bunda bola-chaqalaringiz bilan tinchsiz. Xudo beraman, desa shu-da!

Yigit oʻrnidan turib, eshik sari yurdi. Ostonaga yetgach, orqasiga oʻgirildi:
— Mehmondoʻst emas ekansiz. Mayli, xafa boʻlmayman. Osh-choyga qarzdorsiz, unutmang, — oʻzini Xursanali deb atagan yigit bir jilmayib qoʻygach, tashqariga chiqdi.

Matluba unga xayr ham demadi, kuzatish uchun ostona ham hatlamadi.

Yigitning huddi balo chaqiniday kelib-ketishi uning xushini oldi. «Tursunali akamdan xat olib keldim», deb jilmayganida istaraligina boʻlib koʻringan edi. «Osh-choyga qarzdorsiz», deb chiqayotganida koʻziga isqirt bir sulloh boʻlib koʻrindi. «Kim oʻzi bu? — deb oʻyladi Matluba. — Oʻgʻri desam, oʻgʻriga oʻxshamaydi. Basharasi bip-binoyi. Balki choʻntakkesardir yo kallakesarmikin? Unaqaga ham oʻxshamaydi. Yo adasi meni sinab koʻrmoqchi boʻlib biror tanishini ishga soldimikan? E, yoʻq. Shunaqasiga sinaydimi? Sinagisi kelsa, «menga vafo qiladimi-yoʻqmi?» deb sinar. Oʻziga oʻxshagan bironta shilqimni yuborar. Menga ilmoq tashlatib koʻrar... E yoʻq... Qorang oʻchgur Nafisasi bilan sharmandasi chiqqanidan keyin mendan vafo talab qilib goʻrga borsinmi?..»

Nafisaning nomi esiga tushib, battar tutoqib ketdi. Stol ustida turgan piyolani olib devorga qarata otdi. Piyola devorga tegib ham, taxta ustiga tushib ham sinmadi.
— Hu koʻzlaring goʻrda chirisin!

Bu qargʻishni ovoz chiqarib aytdi. Nazarida Nafisa ishvali koʻzlarini suzib qarab turganday boʻldi. Bir qargʻish bilan yuragidagi dard koʻtarilmay, ikkinchisini aytdi:
— Aft-basharang goʻrda ilon-chiyonlarga yem boʻlmasa, rozi emasman!

O, ayol qalbi! Dunyoda mavjud barcha fojialar sel boʻlib yopirilsa chidar-u, ammo erining xiyonatiga sira-sira chiday olmas! Ayniqsa, bu xiyonat oʻz uyida, oʻz toʻshagida sodir etilsa, yurakda yona boshlagan olovni hech nima oʻchira olmas.

Erining xiyonatkor buzuq ekani Matlubaga koʻpdan ma’lum edi. Hali bu «qorang oʻchgur Nafisa» paydo boʻlmayoq, bir unga, bir bunga shoʻngʻib yurishidan gumon qilardi. Gumoni isbot topganida janjal koʻtaraman, dedi-yu, eplay olmadi. «Chidasang shu, — dedi eri. — Men senga yalinib uylanmaganman, oʻzing xushtor boʻlib tekkansan. Men bitta xotinga qanoat qiladigan erkaklardan emasman. Koʻngling sovugan boʻlsa, ana, orani ochiq qilginu otangnikiga joʻnayver. raykomga dodvoy deb borasanmi, undan narigami, menga baribir. Mendan olsa amalini oladi. Sen esa, erdan ayrilasan. Ikkita bola bilan seni birov olarmikan? Menga tegishda otangning roziligini olmagansan. Ketsang, otangnikiga ham sigʻmaysan. Undan koʻra nafasingni chiqarmay yashayver... Sen xotinimsan. Ular bir oʻynash. Sen bilan ular orasida katta farq bor. Shuni tushunsang boʻldi».

Eri haq gapni aytgan edi.

Matlubaning Tursunaliga oshiq boʻlgani rost. Xatlar yozgani, she’rlar toʻqigani ham rost. Kelishgan, chiroyli yigitni undan boshqalar ham yaxshi koʻrishar edi. Yigit chiroyli boʻlsa, ustiga ustak amaldor otasi choʻntagidagi pulni aritmay tursa, xushtorlar sanogʻiga yetish mushkul. Ammo Matlubaning yuragidagi olov hammanikidan kuchliroq edi. Keyin-keyin Matluba oʻsha damlarni eslaganidan «yuragim yonmay, chiribgina ketsa boʻlmasmidi, uni yaxshi koʻrmay oʻlib qoʻya qolsam ming marta yaxshi edi-ya!» deydigan boʻldi.

Taqdir qalami yozugʻini yozib boʻlganidan keyin bunday nadomatlardan ne foyda? Oʻsha kezlari Odam ato bilan Momo Havoning nima sababdan jannatdan haydalganlarini bilsami edi, es-hushini sal yigʻishtirib olarmidi...

Oldingilari, eri aytganiday, nafs balosini qondiruvchi vaqtinchalik oʻynashlar ekan. Eri ularga qattiq bogʻlanmagan edi. «gʻarkoʻzing goʻrda chirigur Nafisa» yomon chiqdi. Erini oʻziga tamomila qaram qilib oldi. Eri avvallari oʻynashga borgani bilan uni unutmasdi, koʻnglini ovlab turardi. Erining xiyonatkorligi oshkor boʻlganidan keyin ham Matluba ikki farzand koʻrdi. Ammo «juvonmarg boʻlgur Nafisa»ga ilakishgach, er ekani tamoman esidan chiqdi. Matlubaning oʻrindagi noz-karashmalariga ham e’tibor bermay qoʻydi. Bir kuni «yoshingga qarab qiliq qil», deb oʻrnidan turib ketgach, Matluba tirik beva boʻlib qolganini angladi.

«Yoshingga qarab qiliq qil...» Oʻshanda Matluba hali oʻttiz uchga kirmagan edi... Hozir qirqning ostonasida. Oʻshandan beri er nimaligini unutayozgan.

Dardi zoʻr... Ammo dardkashi yoʻq... Dardi ichida.

Faqat bir marta «portladi». Portlamasa boʻlmas edi...

Shaharga borishi lozim edi. Biroq oyogʻi tortmay koʻngli xijil boʻlib rayon markazidanoq iziga qaytdi. Qarasa-ki, kuppa-kunduzi eri «qon qusgur Nafisa» bilan bir ahvolda... bolalar maktabdan kelib qoladi, deb xavotir ham olishmabdi...

Matluba hali-hali tushunmaydi: sovxozning nomi «mehmonxona», aslida esa fohishaxona vazifasini bajaruvchi joyi bor. Eri nima noma’qul narsa yesa, oʻsha yerda yerdi. Uyga olib kelgani nimasi u yuviqsizni?! Eri janjallashib oʻtirmadi. Nafisani yuldirishga ham qoʻymadi. «Uningni oʻchir», dediyu oʻynashini olib chiqib ketdi.

Matluba esa... oʻylay-oʻylay, axiyri ular yotgan oʻrin-toʻshakni hovli oʻrtasiga uyib, yoqdi. Bu bilan ham hovuri bosilmagach, karavotni ham yoqdi.

Bolalar koʻrquvda jovdirashadi.

Qoʻshnilar hayron...

Faqat Tursunali hayron boʻlmadi. Ertasiga yugurdaklari yuk mashinasida yap-yangi karavot tashlab ketishdi.

Haromdan qaytmaydigan ana shu er qamalib, peshonasi devorga tekkach, koʻzi ochilganmikin? Oiladan koʻra oʻynashning karashmasini afzal bilgan er «xotinim menga vafo qilyaptimi?» deb oʻylayaptimikin? Shunday deb oʻylashga haqqi bormi?

Vafo qilmaydigan xotin erining qamalib ketishini kutib oʻtirar ekanmi? Erining buzuqlik daryosiga shoʻngʻiganini bilgani hamon bu daryoga oʻzini otmasmidi?

Xatida «vafodorim» debdi...

Vafodorim?

Matlubaning xayoliga bir fikr urilib, changalida gʻijimlanib turgan qogʻozni shoshib tekisladi:

«Ha, «vafodorim» debdi. Qiziq, ismimni yozmabdi. Menga hech bunday demagan. Yaxshi kunlarda ham demagan. Anavi yer yetkurni aytgan boʻlishi mumkin. Toʻxta, toʻxta... Balki bu xat oʻshanga yozilgandir. U haromi esa, menga joʻnatgan boʻlsa-chi? Boyagi turqi sovuq uning xushtoridir balki?..»

Shunga oʻxshash fikrlar quyilib kelaverib, Matlubaning boshi ogʻriqdan zirillay boshladi. Soʻng shu ogʻriq bahona boʻlib, hoʻngrab yigʻlab yubordi. U erini hibsga olishganda ham, sud hukmi oʻqilganda ham yigʻlamagan edi. Toʻgʻri, yuragi yomon uvishib edi. Ammo doʻst-dushman uning koʻzlarida nam koʻrmagan edi. Birov «dushmanlar oldida past ketmadi, yigʻlamagani yaxshi boʻldi», desa, boshqalar «buncha bez ekan bu xotin? Hech boʻlmasa kiprigini tupugi bilan hoʻllasa-chi, endi erini yana koʻradimi yoʻqmi?» deyishgan edi.

Yuragi faryod chekmasa, koʻzlariga yosh kelmasa, nima qilsin? Yigʻining fursati shu kunga belgilangan ekan, astoydil yigʻlash uchun erning qamalishi bahona boʻlolmas ekan, xotin kishi oʻzining xorlanganini his qilsa, bas ekan. Ayni damda Matluba xorlanish kuyining avj pardaga koʻtarilganini fahmladi. Daqiqalar oʻtgani sayin u «maktub» koʻzginang teshilgur Nafisa»ga yoʻllangan-u, u juvonmarg makr ishlatib, xushtorini bu yoqqa joʻnatgan», degan fikriga astoydil ishona boshladi. Bu fikr tez orada mutlaq hokimlik shoh-supasini egallab, qolgan barcha xayollarni quva ketdi.

Yagona fikrga mahkum boʻlgach, bu zugʻumdan qutulish, qutulishgina emas, qarshi hujumga oʻtib, Qanimini yakson qilish choralarini izlay boshladi. Donishmand ahlining «johilga hilm ila munosabatda boʻl», degan nasihatlariga erkaklar amal qilarlar-u, biroq oʻch olish qasdida yonayotgan ayol ikki dunyoda quloq solmas. Bu sohada ayollarning yagona shiori — «makrga makr qilichi bilan hamla qilmoq kerak!»

Alam oʻtida yonayotgan Matluba makr bobida kundoshidan orqada ekanini tan oldi. Birovning erini oʻziga rom qilgan makkoraga pul undirib olish qiyin ish ekanmi? Matluba «uying kuygur Nafisa» ishlatgan yoki reja qilayotgan xiylalar haqida oʻylay boshladi.

Qamoqda erining Tengiz ismli oʻgʻriboshiga yoʻliqqanini u bechora qaydan bilsin? Yaxshiki u kundoshining koʻz ochib koʻrganini sogʻinib Sibirga otlanayotganini, erini laqillatib ketish uchun bahona axtarayotganini bilmaydi. Bilsami, hozirgi ahvolini tutash desak, gurillab yona boshlashning qanday boʻlishini tasavvur qilavering. Yaxshiki, Tangri bandalarini koʻp narsalardan bexabar qilib yaratgan. Aksi boʻlgandamidi edi, dunyo xotinlarning gʻalvasidan boʻshamay qolarmidi, vallohi a’lam!

Matluba ogʻriq zoʻridanmi yo qorongʻu xaltakoʻchada milt etgan nur topolmay gangib ezilganidanmi, boshini changallab oʻtirdi. Maktabdan qaytgan katta qizi bu ahvoldagi onasini choʻchitib yubormaslik uchun past ovozda salom berdi. Onasi alik olmagach, yelkasidan quchoqladi. Matluba uni quchib, endi unsiz faryod chekdi. Erining xurmacha qiliqlaridan bezgan damlarida ba’zan «bu dunyoda yashab nima qildim?» degan xayolga ham borardi. Ana shu badbinlik koʻchasida ivirsib qolganida Xudoning oʻzi yomon yoʻldan qaytarardi — koʻziga bolalari koʻrinardi. Uch yil muqaddam oʻngida qilolmagan ishi tushida sodir boʻldi — oʻzini yoqdi! Ana shunda boʻzlayotgan bolalarini koʻrib, oʻzi ham baqirib yubordi. Bor ovozi bilan baqirgani uchun oʻzining ovozidan qoʻrqib uygʻonib ketdi. Oʻshanda toʻngʻich qizi ham uygʻonib, onasini quchoqlab olgan edi. Bu dunyoda uni ushlab turgan zanjir shu farzandlari. Shu topgacha otalik mehrini bermagan «zormanda er» kasriga endi bular ham azob chekishlari kerakmi?

Qizini quchoqlab oʻtirgan Matluba shuni oʻylab, yuragi ezilib «bundan koʻra otib tashlashganlari ming marta yaxshi edi», deb oʻyladi. Qizi esa, onasi ma’yuslanib qolganida «adamlarni oʻylab siqilyaptilar» deb oʻylab, xafalik sababini sira soʻramasdi. Oʻn oltiga yetib qolgan qizi Matlubaning baxtiga gʻoyat aqlli edi. U hatto koʻchada otasi haqida mish-mishlarni eshitganida ham dardini ichiga yutardi-yu, onasiga bildirmasdi. Koʻrpa-toʻshaklar nima sababdan yoqilganiga fahmi yetgani uchun ham bu xonadonda yashash onasi uchun gʻoyat azobli ekanini bilardi. Bilgani uchun ham onasiga suyanchiq boʻlishga intilardi. Lekin onasiga qanday suyanchiq boʻla olishiga bolalarcha aqli yetmasdi. Hozir ham onasini quchgan holda nimadir deb uni yupatgisi keldi. Ammo oʻsha «nimadir»ni topolmasdi, aytolmasdi.


Qizining shu tarzda quchoqlashi ham Matluba uchun zoʻr dalda edi. U chuqur nafas olib, xoʻrsiniqni nari haydadi. Qizining peshonasidan oʻpdi-da:
— Nasiba, jon qizim, Zilolani boqchadan vaqtliroq olib kela qol. Maydonga qarab oʻt: Shohruh toʻp tepgani chiqib ketuvdi. Hammayogʻini rasvo qilmasin, Farruh qani, nima uchun birgalashib kelmadilaring?— dedi.
— Farruh oʻrtogʻidan kitob olishi kerak ekan, hozir keladi.

Nasiba shunday deb onasi buyurgan vazifani bajarish uchun chiqdi. Qizi chiqishi bilan Matluba avvalgi holatiga qaytdi. Oradan besh-olti daqiqa oʻtmay, oʻgʻli eshikdan asta moʻraladi. Kitob-daftarini qoʻyib, koʻchani moʻljallaganida Matluba uni chaqirib, «Vali akangni chaqirib kel», deb buyurdi.

Valijon — besh uy narida turuvchi yigit. Bilganlar uni «Tursunalining mulozimi», deydi, bilmaganlar esa «direktorning shopuri» deyishadi. Kim nima desa desin, ammo Valijon xojasiga bagʻoyat sodiq edi. Tursunaliga qoʻshib uch kun qamab qoʻyishganda ham xojasining sirlarini ochmadi. Suddan keyin esa xotini bilan birgalikda chiqib, Matluba yangasiga dalda bergan, «nima xizmat boʻlsa, tortinmay aytavering. Akam qaytgunlaricha sizga ukaman», degan edi.

Matlubaning unga buyuradigan xizmati yoʻq edi. Shu bois koʻchada roʻpara kelganida salomlashardi-yu, ortiqcha gap aytmas edi. Shu sababli yangasining yoʻqlovi Valijonni shoshirib qoʻydi. Tomorqadagi ishini yigʻishtirib, qoʻl-betini chala-yarim yuvgach, xojasining uyiga shoshildi. Ichkari kirib hol-ahvol soʻrashga ulgurmay, yangasidan kutilmagan savolni eshitib dovdirab qoldi.
— Akang boyliklarini qaerga yashirgan?

Bunday savolni tergovchi qayta-qayta soʻragan, har safar «bilmayman» degan javobni eshitavergach, axiyri tutaqib, rosa doʻpposlagan edi. Endi esa, yangasi xuddi oʻsha tergovchiga oʻxshab soʻrayapti. Yolgʻon poʻpisa qilyaptimikin desa, ohangi ancha jiddiy.
— Siz bilmasangiz... men bilmayman, opa.
— Sen goʻrni ham bilasan, ayt.
— Axir opa, men oddiy bir shopur boʻlsam...
— Sen shopur emas, qoʻshmachisan! Akangga qoʻshib seni ham qoʻshmazor qilish kerak edi.
— Unaqa demang, opa, bolalarim bor.
— Senda bor bola, boshqalarda yoʻqmi? Ma, oʻqi! Ammo birovga gʻing deya koʻrma.

Matluba shunday deb xatni uzatdi. Valijon oʻqib chiqqach, «men nima qilay?!» degan savol nazari bilan qaradi.
— Men har oyda pulni qaerdan olaman? Sen qoʻshmachi hamma baloni bilasan. Akang topganining yuzdan birini uyga olib kelardi. Qolgani qaerda? Yo topasan, yo bolalaringni garovga qoʻydiraman. Qamoqdan bitta kallakesar kelgan. Unga seni roʻpara qilamanu holingni koʻrib turaveraman.
— Xudo xayringizni bersin, jon opa! Unday qilmang, opajon! Menda nima gunoh? Toʻgʻri, maishatlarini bilardim. Ammo pulga koʻzim tushmagan sira. Aldayotgan boʻlsam — Xudo ursin! — Valijon shunday deb yigʻlamsiray boshladi.
— Piqillama, erkak ham yigʻlaydimi? Menga anavi buzuqning qaerdaligini ayt hozir.
— Qaysi... buzuq?
— Oʻzingni goʻlikka solma! Juvonmarg Nafisani aytyapman!

U shaharda yashaydi-da.
— Shahardaligini bilaman. Qaysi koʻchada, qaysi uyda? Tirik boʻlsa uyini ayt, oʻlgan boʻlsa goʻrini ayt.
— Koʻchasining nomini bilmayman, opa. Metroning oxiriga yetgandan keyin ozgina yurilsa mehmonxona keladi. Keyin oʻngga. Toʻrt qavatli imorat.
— Meni boshlab borasan oʻsha ishratxonaga.
— Xoʻp, opajon, ertaga, ishdan soʻrab kelaman.
— Hozir joʻnaymiz.
— Ie, axir...
— Senga «hozir joʻnaymiz», dedim. Bor, chorak soatda tayyor boʻlib chiq.

Valijonni chaqirtirishidan asl maqsadi ham shu edi. «Akangning boyligi qaerda?» deb soʻroqqa tutishi yigitni egib olish uchungina edi. Shunday qilmasa, u yo Nafisaning turar joyini yashirardi, yo olib borib koʻrsatishni paysalga solardi. Yoki «akasining sevimli yosh xotinini» ogohlantirib qoʻyishi ham mumkin edi. Shularni nazarda tutib, Matluba u bilan oʻziga xos boʻlmagan dagʻal ohangda gaplashdi. Yangasidan bunday muomalani kutmagan Valijon chindan ham qoʻrqdi. Ayniqsa, «bolalaringni garovga qoʻydiraman», degan gapiga ishonib, esi teskari boʻlib ketay dedi. Yigʻisi ham yolgʻon emas, rost edi. Bir tomonda qama-qama avjiga chiqqan, yana bir tomonda mashina oʻgʻirlash tish kavagini kavlashday oson boʻlib qolgan, odamlar esa, toʻppa-toʻsatdan yoʻqolayotgan zamonda oddiy poʻpisa ham haqiqat koʻrinishini oladi. U xojasining ba’zi sirlarini biladi. Biroq pul bor-yoʻqligi, yashirilgan-yashirilmaganidan bexabar edi. Bilganida hozirgi poʻpisadan soʻng shart aytvorardi. Toʻgʻri, u kaltafahm emas, xojasining ayrim harakatlaridan bir narsani sezganday boʻlardi. Ayniqsa, qama-qamalar dovuli boshlangan, biroq, ularning viloyatlariga yetmay turiboq, xojasi gʻimirlab qolgan edi. Uch-toʻrt marta zargarlik doʻkonlariga kirib chiqqanida «oʻynashlarga sovgʻa-salom olyaptilar, akaginam», deb oʻylagan edi. Idorada oʻtirgan «akaginasi»ning qoʻllariga kishan solib olib chiqishgandan soʻng sovgʻa-salom olinmagani, qogʻoz pullar tillaga aylantirilganini anglab yetdi.

Kundoshlar

Dunyo ham ajoyibotlarga boy. «Yaxshi buzoq ikki onani emadi», deganlaridek, ayrim mamlakatlarning bir emas, ikkita rahbari boʻladi. Birini «qonuniy prezident», deydilar. Halolmi, gʻirrom yoʻl bilan-mi — harholda saylanadi. Bu rahbarni yoqtirmaganlar oʻzlarini «muxolifot», deb e’lon qiladilaru bironta xorij yurtga borib, oʻzlariga yoqqan odamni «muvaqqat taxtga» oʻtqazadilar. Bu endi «norasmiy prezident» boʻladi. Bu holat kichikroq doiraga keltirilsa, ya’ni oila deb atalmish oʻziga xos «mamlakat»ga qiyoslansa, kundoshlarni eslatadi. Shunga koʻra, Matluba «qonuniy prezident» deyilsa, Nafisani «norasmiy boshliq» deb atash mumkin boʻlar? Ba’zan xolis bir kuch ularni murosaga keltirishga urinadi. Oʻrtada taxt masalasi turganda ularning murosaga kelmoqlari it ila mushukning ittifoqini eslatadi, xalos.

Matluba bilan Nafisa orasida taxt muammosi yoʻq. Biroq, orada taxtdan ham muhimroq masala, talashsa arzigulik narsa bor. Odamga nisbatan «narsa» soʻzini ishlatish nooʻrin, lekin ikki ayol — biri «qonuniy», ikkinchisi «norasmiy» xotin bir erkakni xuddi «narsa» kabi talashadilar. Agar xolis bir kuch — jallod oʻrtaga chiqib, «unga ham boʻlmasin, senga ham boʻlmasin, kallasini uzib tashlay qolay», desa ikkala xotinning bu taklifga koʻnishi tayin. Er oʻlsa-oʻlib ketaversin, birovi egalik qilib olmasa, bas. Er birovning toʻshagidan koʻra lahadda yotsa ming karra a’lo! «Mayli, shu erim kundoshimga boʻla qolsin», deydigan xotin topilgudek boʻlsa, dunyodagi qahramon ayollardan biri boʻladi. Shoirlar unga bagʻishlab qasidalar yozadilar. Bunaqa xotin shoir zotiga ham yoqadi-da...

Matluba «xolis kuch» — Valijon hamrohligida kundoshi bilan ittifoq tuzish uchun emas, yuzma-yuz «jang»ga kirish uchun borar edi. Viloyat markaziga yetganlarida boshkentga boruvchi soʻnggi avtobus ham joʻnab ketgan ekan. Ortga qaytishni ma’qul koʻrmay, chiqim sal koʻproq boʻlsa ham, yoʻlovchi mashinaga oʻtirdilar. Yoʻl-yoʻlakay churq etmasdan ketdilar. Ikkovi ham gaplashadigan ahvolda emas edi. Matlubaning xayoli boʻlajak «olishuv» rejalari bilan band edi. Valijon esa kutilmagan bu ofatdan qutulish choralarini izlardi.

Nafisaning uyiga yetib borishganda shahar qorongʻulik chodirida orom olishga hozir edi. Toʻrt qavatli bino yaqinida toʻxtagan Valijon:
— Uxlab qolishmaganmikin? — deb Matlubaga yuzlandi.
— Uxlasa uxlar, oʻlib qolishmagandir? — dedi Matluba zarda bilan.

Valijon «gapim yoqmadi shekilli», deb oʻyladi. Aslida esa, Matluba boʻlajak uchrashuvni oʻylab, asabiylashib turgan edi. Valijon bu savoli bilan qizib, choʻqqa aylangan temir ustiga suv sachratgandek boʻldi.

Eshikni Nafisaning eri Samandar ochdi. Matlubani koʻrib, avvaliga ajablandi. Bir necha soniyalik taradduddan soʻng esa, orziqib kutgan mehmoniga yetishgan baxtiyor mezbon qiyofasiga kirib, jilmaydi.
— O, Matlubaxonim! Salomlar, salomlarim boʻlsin! Qarang, niyatning xolisligini, bugun oʻylab turuvdim. Aslida bizlar odam emas, bemehr dinozavrlarmiz. Sizni bi-ir yoʻqlab qoʻyishga arzimadik. Lekin siz hamisha biz bilan birgasiz.

Matluba qoshu-kipriklarigacha malla boʻlgan Samandarning gaplariga e’tibor bermay, beliga bogʻlab olgan guldor peshbandga ajablanib qarab oldi. Samandar bu qarashning ma’nosini anglab, xijolatlik bilan izoh berdi:
— Oshxonada... ozgina xizmat bor ekan.
— Xotiningiz... yoʻqmi uyda? — dedi Matluba, ichkariga oʻgʻrincha nazar tashlab.
— Bor. Uyda... Ie, nega ostonada turibsizlar? Qani, Matlubaxonim, ichkariga marhamat, — Samandar shunday degach orqasiga chekinib, yoʻl boʻshatdi-da, boshini burib, xotinini chaqirdi:
— Nafis, jonim, bu yoqqa qarang. Aziz mehmonlar kelishdi.

Matluba dahlizga oʻtib, poyafzalini yechishga shoshilmadi. Dovdiragan Valijon esa, kirishni ham, orqasiga qaytib ketishni ham bilmay ostona ortida turaverdi. U vazifasini ado etib boʻlgan edi. Ammo «bolalarini garovga qoʻyishga» qodir bu xotindan ijozatsiz keta olmasdi.

Erining hayajonli ovozini eshitgan Nafisa hayallamadi. Ichkari xonaga olib kiruvchi eshikni ochdi-yu, dahlizda turgan kundoshini koʻrib toshdek qotdi. Ular uydagi oʻsha sharmandali toʻqnashuvdan soʻng yuzma-yuz uchrashishmagan edi. Nafisa oʻynashi qamalganidan soʻng kundoshi bilan bu holda, oʻz uyida uchrashishi mumkinligini oʻylab ham koʻrmagan edi. «Nimaga keldi ekan, bu xotin», degan savolga javob izlab, ostonada shumshayib turgan Valijonga qarab oldi. Valijon bu qarashning ma’nosini uqib «Xudo ursin, bilmayman», deganday yelka qisdi.

Matluba ularning bu ishoralarini sezib, kundoshidan koʻz uzmagan holda:
— Vali, sen ketaver, — dedi.

Bu ijozat Valijonning yuziga urilgan tarsakiday boʻldi. Oh, shu paytda xojasining qadri oʻtdi-ya! Xojasi bunaqa paytda hotamtoy boʻlib, ichkariga olib kirardi, qornini toʻygʻizardi-da, «falon paytgacha boʻshsan», derdi. Ana shunda Valijon ham ayshini surib olardi. Xoʻjayinning oʻynashiday boʻlmasa-da, unda ham oʻziga yarashuqli erkalaguvchilari bor edi... E, u dorulamon zamonlar beqaror shamoldayin oʻtdi-yu ketdi. Endi xoʻjayin qamoqda, u esa, ostonada egasiz qolgan itday shumshayib turibdi.

«Ketaver», deydi. «Bu begona shaharda qorongʻuda qayga ham boradi», deymaydi» Valijon shu alamli fikr bilan burilganda «norasmiy yangasi» joniga aro kirdi:
— Valijon aka, kiring, ovqat tayyor-a...
— Vali, boraver, bolalaring kutib qoldi.

Avvalgisi taklif edi, bunisi esa buyruq. Buyruqdan esa qoʻrqqulik. Valijon turgan yerida «norasmiy yangasi»ga yengil ta’zim qildi-da, orqasiga oʻgirildi.
— Valijon aka, kiring...

Kirish u yoqda tursin, endi toʻxtasa, orqasiga oʻgirilsa, baloga qolishi tayin, shu sababli taklifni eshitmaganday zinapoya tomon shoshildi.

Samandar bularning kundosh ekanini bilsa-da, dardini ichiga yutib, oʻzini goʻyo hech nimadan xabari yoʻq odamday koʻrsatishga intilardi. Oshnasining marhamat qilib, oʻz oʻynashiga uylantirib qoʻyganini toʻydan keyin fahmlagan, oʻshanda Nafisani tashlab ketay ham degan, ammo «Endi menga kim ham tegardi», deb taqdirga tan bergan edi. Ayniqsa, bu uyning in’om etilishi uning koʻp muammolarini hal etgan edi. U ilmiy safarlarda koʻp boʻlardi. Ba’zan ikki-uch haftalab qolib ketardi. Uyda yoʻqligida oshnasining ser-qatnov boʻlishini sezib bir qaynardi-yu, soʻng sovurdi.

Hozir Matlubaning tashrifi zamirida noxushlik yotganini sezdi. Kundoshlarning bir-birlariga tikilib qolishganini vulqon arafasidagi sukunat deb bilib, portlash yuz bermasidan oʻzini chetga olishni ma’qul koʻrdi. Qaysi erkak ikki xotinning (ayniqsa kundoshlarning) orasiga tushib, baraka topibdi-ki, Samandar topsin? Bir kuni yuragi siqilib ketgan Nafisa «Siz ilmdan boshqa narsani ham bilasizmi?» deb zorlanganida Samandar «Men hayotni ham bilaman», deb javob qaytargan edi. Mana ayni damda oʻzi bilgan hayot qoidasiga amal qilib, suzishmoqqa shaylanayotgan ikki kundoshdan nari boʻlishni istadi:
— Ha, Nafis, siz mehmonga qarang, men ishlarimni tugata qolay, — deb oshxonaga kirdi.

Shu onda Nafisaning ortida otasi koʻrindi. Mana shunisi Matluba uchun kutilmagan, ayni choqda noxush hol boʻldi. Asli ismi Toshbolta boʻlgan bu odam sovxoz direktoriga oshpazlik qilgani uchun koʻpchilik uni «Oshbolta» der edi. Matluba esa «fohishaxona iti» deb undan nafratlanardi. Ayniqsa, qizining nomusini ham xojasiga in’om etgach, Matluba u bilan salomlashmay ham qoʻygan edi.
— Ha, kim kelibdi? — dedi Toshbolta mensimagan bir ohang bilan. Soʻng esa piching qildi: — Ie, aziz mehmonmi? Ha, keling, kelin poshsha?

Uning «ha, keling...» degani zamirida «Nega kelding, ket!» degan ma’noni oʻqib, Matluba ichida «Turqing qursin sening!» deb qargʻadi.
— Ha, gapir, ish-pish bilan keldingmi yo eringni qidirib keldingmi? Ering yoʻq bu yerda. U hov... Sibirda ayshini surib yurgandir.
— Dada! — Nafisa shunday deb otasiga oʻgirildi.
— Nima «dada!» — deb oʻshqirdi Toshbolta. — Nima bor unga bu uyda? Gaplashib oʻzingni pastga urma. Uyga ham qoʻyma. Bu uy eridan qolgan matoh emas.

Matluba bu uy ostonasini bosib oʻtishi bilan «hujum»ga tashlanishni reja qilib, aytadigan gaplarini yoʻl-yoʻlakay pishitib olgan edi. Matlubaning xom xayoli boʻyicha eshikni «itdan tarqagan Nafisa» ochardiyu uni koʻrib qoʻrqib ketardi, orqasiga tisarilib, titray boshlardi... Ana shunda Matluba hujumga oʻtardi. Yulmas edi-yu, ammo undan battar qilardi... oʻylaganlari amalga oshmadi. Ustiga ustak «fohishaxona iti» vovullab turibdi.
— Erimning... — Matluba «erimning» degan soʻzga urgʻu bermoqchi edi, ammo ovozi titrab chiqib soʻzini yamlab yubordi. Ovozi titragani uchun oʻzidan oʻzi nafratlandi. «Bu maxluqlar oldida past ketishim mutlaqo mumkinmas», deb oʻziga dalda berdi. bir necha nafas sukut qilib, soʻng gapini qaytadan boshladi: — Erimning Sibirda ekanliklarini yaxshi bilaman. Lekin bu yerga itlarini bogʻlab ketganlarini bilmapman.
— Nima deding, voy enagʻar!
— Dada! — Nafisa otasining koʻkragidan yengil itardi, — Dada, ichkari kiring, aralashmang.
— Sen!.. — Toshbolta unga ham ikki ogʻiz «shirin» gaplaridan aytmoqchi edi, qizining koʻzlariga koʻzi tushib, shashtidan qaytdi.
— Bu safar siz «xoʻp» deng...
— Yaxshi, omma, gapni kalta qil. Sen uning erini bilmaysan, tanimaysan... Hech qanaqa qogʻoziga qoʻl qoʻyma, — shunday deb iziga qaytgach, Nafisa eshikni yopdi.

Matluba oʻsha sharmandali kunda, gʻazab olovida yonayotgan damda unga tuzukroq qaramagan ham edi. Hozir oʻgʻrincha emas, dabdurustdan tikilib qaradi. Xushbichim, xushroʻy ekanini tan olgisi kelmadi. «Erim bekorga ilakishmagan ekan, menga «yoshingga yarashadigan qiliq qil», deb bejiz aytmagan ekan. Bu ishva qilib turganda men yoqarmidim», degan fikrni xayolidan quvdi.

Nafisa «mayli, toʻyganicha qarab olsin», deb indamadi. Oxiri sabri chidamadi:
— Keling, opa...
— Opa? — Matluba zaharli iljaydi. — Men qachondan beri senga opa boʻlib qoldim? Men sendaqa singilni bilasanmi, nima qilaman?

Nafisa qaydan bilsin buni. Toʻgʻrisi aytilsa, Matlubaning oʻzi ham bilmaydi. Hozir Nafisa «xoʻsh, nima qilardingiz?» deb soʻrasa dovdirashi tayin edi.
— Singlingiz emasman. yoshingizni hurmat qilib aytuvdim. Boshqa demayman. Menga bir nima demoqchimisiz?
— «Bir nima demoqchimisiz?..» — Matluba kundoshiga oʻtli nigohini qadadi. — Sen menga qaysi xushtoringni yubording?
— Nima deyapsiz? — Nafisa ajablanib, kaftini yuziga bosdi.
— Erimni kanadek soʻrganlaring yetmaganday endi menga yopishmoqchimisanlar?
— Tushunmayapman, nimaga unaqa deyapsiz?
— Sen oʻzingni merovlikka solma. Bilib qoʻy, oʻsha xushtoringni ham, oʻzingni ham oʻldirtirib yuboraman!

Bu gapdan keyin oshxona eshigi qiya ochilib, Samandarning boshi koʻrindi:
— Qizlar, nima gap, tinchlikmi?
— Eshikni yoping! — dedi Nafisa zarda bilan. Amri shu zahoti bajarilgach, Matlubaga qaradi. Endi uning koʻzlarida ham gʻazab uchqunlari koʻrindi. — Qoʻlingizdan kelsa oʻldiring, lekin menga tuhmat qilmang.

  

— Tuhmatmi? Mana bu ham tuhmatmi? — Matluba shunday deb sumkachasidan xatni chiqarib uzatdi. Nafisa xatni oʻqiyotganida undan koʻzini uzmadi.
— Bu... Tursunali akamning xatlari-ku? — dedi Nafisa ajablanib. — Sizga kim berdi?
— Xushtoring.
— Tuhmat qilmang, dedim sizga! Xudo ursin, bu xatni endi koʻrib turibman.

Matluba «rost aytyaptimi yo tonyaptimi?» degan fikrda unga tikilib qoldi. Moʻljalidagi «hujum» kuchi zaif boʻldi. Natijasi esa, undanda zaif boʻladiganga oʻxshab turibdi.

Nafisa oʻylab bir toʻxtamga kelishi uchun kundoshiga sharoit yaratib berdi. Ichkaridan esa Toshbolta yolgʻon yoʻtali bilan qizini shoshirdi. «Dadam ham ba’zida oshirib yuboradilar-da», deb gʻijindi Nafisa, Matluba ham yoʻtalning ma’nisini tushundi. «He, oʻpkaginangga qurt tushsin, iloyim shu yoʻtal olib ketsin-a...» deb qargʻadi.
— Agar ishonmasangiz, — dedi Nafisa kundoshiga tik qarab, — turmaga borib kelamiz. Oʻzlaridan soʻraymiz.
— Nima? — Matluba bunaqangi taklifni sira kutmagan edi.
— Sibirga birga borib kelamiz! — Nafisa shunday deb taklifiga aniqlik kiritgach oshxona eshigini ochdi. — Samandar aka, Irkutskka ikkita bilet olib kelasiz.
— Hozirmi? — dedi Samandar ajablanib.
— Ertaga... ertalab. Borish-kelishga olasiz. U yoqda sarson boʻlib yurmaylik.
— Toʻxta, — dedi Matluba. — Senga «Sibirga boraman» dedimmi? Menga qara, sen erimning Irkutskda ekanini qaerdan bilasan? — Matluba savolni Nafisaga berib, «koʻrib qoʻy, xotiningni» deganday Samandarga qaradi.

Nafisani bu savol dovdiratmadi:
— Odamlardan eshitdim, — dedi xotirjam ravishda.
— Odamlar qaerdan eshitishibdi? Radiodan aytibdimi? Yo gazetda chiqibdimi?
— Endi maydalashmay qoʻyaqoling. Avval manavini hal etaylik, — Nafisa shunday deb xatni eriga uzatdi. — Oʻqing, oʻrtogʻingizdan.

Samandar xatni oʻqib, boshini qashidi. Malla kipriklari pirpiradi.
— Matlubaxonim... Men bilmadim-u, ammo Nafisdan bekor gumonsirayapsiz. Xohlasangiz Tursunalining oldiga oʻzim borib kelaman. Agar yanglishmasam, bu xatni oʻz xohishi bilan yozmagan. Aniqlash kerak. Turmalarda har xil voqealar boʻlib turadi.
— Aniqladingiz nimayu aniqlamadingiz nima?
— Qanchadan toʻlash kerak ekan?

Matluba aytdi.
— Har oydami? — dedi Samandar ajablanib. — Bu butun bir kapital-ku? Bilasizmi, Matlubaxonim, bunday qilamiz: birinchi vznosni biz beramiz.
— Yoʻq!
— Rad etishga shoshilmang. Axir Tursunali menga begona emas. Biz aka-ukadaymiz, axir.

«Aka-ukadaymisan, yo kundoshmisan?» deb oʻyladi Matluba. Bu yerda ortiq toʻxtagisi kelmadi. Bularga uchrashgani uchun oʻzidan oʻzi nafratlandi. Xuddi tilanib kelganday his qilib, oʻzini oʻzi yulib tashlashni istadi. Shart burilib, eshik tutqichiga qoʻl yuborganida Samandar uni yelkasidan ushlab toʻxtatdi.
— Bunday qilishga haqqingiz yoʻq. Menda pul bor. Bu yil baribir qurortga bormaymiz. Ishdan menga ijozat yoʻq. Undan tashqari biz puldan sira qiynalmaymiz. Doʻstim uchun men ham nimadir qilishim kerak.
— Siz doʻstingiz uchun juda koʻp ish qilib qoʻygansiz, xayr, — dedi Matluba eshikni ochib. Soʻng ostona hatlab, orqasiga oʻgirildi: — Bilib qoʻying: men tilanchi emasman. Erimni ham, nomusimni ham oʻzim himoya qila olaman.

Matluba shunday deb eshikni yopdi-da, tez-tez yurib zinapoyadan tusha boshladi. Samandar ham, Nafisa ham uning ortidan yurmadilar. Samandar «Erini himoya qilishi tushunarli, ammo nomusni nima uchun aralashtiradi?» degan xayol bilan xotiniga qaradi. Nomus masalasi bekorga eslanmaganini tushungan Nafisa eridan koʻzini olib qochib, «yoʻtali bosilib qolgan» otasi huzuriga yurdi.

Oʻlimning bahosi

Matluba zinapoyalardan tushib, tashqariga chiqqunicha xuddi najasxonadan oʻtayotgandek nafasi qaytdi. To soʻnggi zinapoyani bosgunicha har tashlagan qadamida oʻzini la’natladi. Dastlabki soniyalarda bu yerga kelib xato qilganini anglab, pushaymon edi. Uning oʻziga boʻlgan nafrati bu pushaymondan tugʻilmadi. Koʻngilga taskin bera olguvchi «olishuv» boʻlmagani, ulardan baland kelish u yoqda tursin, hatto teppa-teng gaplashishga jur’ati yetmagani, eng muhimi — bu xonadondan besamar ketayotgani uning gʻazabini qoʻzgʻotgan edi. Ba’zan odam achchiqlansa Gʻazab toshlarini birovga otib humoridan chiqadi. Hozirgi holatda esa, Matluba Gʻazab toshlarini faqat oʻzigagina ota olardi.

Alhol, Matlubani dardga solgan yana bir sabab bor: Matluba kundoshining yayrab-yashayotganini anglab, avval ichi kuydi, soʻng rashk qildi. Yoʻq, eriga nisbatan emas, oʻsha qoshu kipriklarigacha malla Samandarga rashk qildi. Eri doʻstini «zoʻr olim, faqat Maskov bilan gaplashadi», — degan edi. Ana shunday zoʻr odamni bir buzuqning quliga aylanishiga Matluba toqat qila olmadi. «Bu itdan tarqagan gʻarkoʻzga er hayf. Nima qilib boʻlsa ham ajratib yuboraman. Yursin menga oʻxshab beva boʻlib...» Matluba xayolidan yarq etib oʻtgan bu fikrni chuqurlashtirmadi. Hatto qanday qilib ajratib yuborishini oʻylamadi ham. Buni keyinroq mulohaza qiladi. «Samandarga borib hammasini aytaman. Qiz olmaganini bilib qoʻysin...» deb qaror qiladi-yu, ammo axdini amalga oshirishni galga solaveradi. Bu galga solishi ham besabab emas. Avvaliga ajratib yuborishni oʻylagan boʻlsa, keyinchalik «Juvonmarg Nafisa bu dunyoda yashamasligi kerak», degan fikrga koʻproq yopishib oladi.

Bu oʻy-qarorlar keyinroq tugʻiladi. Hozir esa...

Matluba besh-oʻn qadam yurgach, bolalar oʻynaydigan maydoncha qarshisida toʻxtadi. «Tepadan kuzatishayotgandir», degan fikrda oʻgirilib, ularning derazalariga qaradi. Oʻnlab derazalardan qaysi biri ularniki ekanini aniq bilmasdi. Uning moʻljalidagi bironta deraza ortida ham sharpa sezilmadi. «Er jonivor idish-tovoq yuvayotgandir. Anavi buzuq esa, otasiga hisob berayotgandir. Hamma gaplarni eshitib turdi u it! Yana yoʻtaladi-ya! He, oʻpkalaring irib ketsin sening!» Matluba noaniq derazaga shu qargʻish toshini otgach, sal hovuri bosilganday boʻldi.

Nimqorongʻi muyulishda toʻxtab turgan odamning oʻzi tomon yura boshlaganini koʻrib, choʻchidi. Yuragiga qoʻrquv oralab, tislangan mahalida tanish ovozni eshitdi:
— Opa, bu menman.
— Vali? nima qilib turuvding?
— Kechqurun yolgʻiz yurmang, dedim. Harholda bu yerda yotib qolmasangiz kerak, deb oʻyladim.

Matlubaga Valijonning bu ishi ma’qul boʻldi. Ammo sir boy bermaslik uchun:
— Meni boʻri yermidi? — deb toʻngʻillab qoʻydi.

Katta koʻchaga chiqishganda Valijon:
— Opa, men bir moshin toʻxtatayin. Adangiznikiga borasizmi? — deb soʻradi.
— Yoʻq, — dedi Matluba, — ukamnikiga boraman. Sen ham yura qol, joyi bemalol.
— Rahmat, opa, mening boradigʻon yerim bor.

Matluba «boradigan yeri boʻlmagani uchun meni poylab turgandir», deb oʻylagan edi. Valijonning bu gapidan soʻng oʻsha fikri uchun oʻzi uyaldi.
— Yuraver, seni tanishadi, — dedi muloyimlik bilan.
— Yoʻq, opa, bahonai sabab bilan qarindoshlarni koʻrib ketayin. Yana qachon tushaman bu shaharga...

Valijon Matlubani mashinada kuzatgach, oʻzi temir yoʻl bekatiga ketdi. U Matlubaga yolgʻon soʻzladi: shaharda uning qarindoshlari yoʻq edi. Xojasining davrida orttirgan oʻynashlarinikiga borishning ma’nosi yoʻq. U xotinlar «Valijon akaginam qachon bagʻrimga kelarkinlar?» deb koʻz tikib oʻtirmaydi. Allaqachon boshqa xushtorlar topib, maishatlarini davom ettirayotganlari aniq.

Valijon yomon bir oʻyinga beixtiyor aralashib qolayotganidan koʻngli xijil boʻlib, turli oʻylar changalida tong ottirdi. Yaxshi kunlari tugab, tashvishli davri yaqinlashganidan darak beruvchi bu shahardan tezroq qochgisi keldi. Tongda birinchi avtobusga oʻtirib uyiga joʻnadi. Halqa yoʻldan uzilgach, xuddi tashvishlari ortda qolganday sal yengil tortdi.

Matluba esa, mashinadan tushgach, ukasi yashaydigan hovli darvozasiga yaqinlashdi-yu, ammo qoʻngʻiroq tugmasini bosishga shoshilmadi. Hozir u hech kim bilan koʻrishishni, gaplashishni istamayotgan edi. Toʻgʻri, ukasi uni koʻrib, «nega bemahalda kelding?» demaydi. Bil’aks, quvonadi. oralaridagi farq bir yosh boʻlgani sababli ular Fotima-Husan kabi yaqin, aytish mumkinki, ma’lum ma’noda hatto sirdosh ham edilar. Yoshdagi farq oz boʻlgani sababli ukasi uni «opa» ham demasdi, sizlamasdi ham. Matluba erga tekkanidan soʻng «opa» deb sizlay boshladi. Bu Matlubaga ham erish tuyuldi. Ukasi bilan uzoqlashib ketganday boʻldi. Ukasiga ham shunday tuyulib, yana eski odatiga qaytdi.

Erga tekkanidan soʻng ota-ona huzuriga kelib-ketish uning uchun oʻlim chigʻirigʻidan oʻtish kabi azob edi. Otasi Matlubani e’tiborli bir odamning oʻgʻliga berishni moʻljal qilib qoʻygan ekan. Moʻljalning oʻzigina boʻlsa koshki edi. Doʻsti vakilligida goʻzal, oqila qizi borligini ma’lum qilibdi. U odam esa, qadrdonlaridan birida oʻgʻliga mos qiz borligidan «xabar topib», sovchi ham yuborgan edi. Balo buluti yopirilib, balo yomgʻirlari ana oʻshandan soʻng yogʻa boshladi. Otasiga qoʻshilib onasi avval yalindi, soʻng poʻpisa qildi. Poʻpisa qilishda akasi hammadan oshib tushdi, gapira turib, bir-ikki marta doʻpposlashdan ham qaytmadi. Onasi soʻnggi chora — koʻz yoshlarini ishga solganida Matluba chiday olmadi. Onasiga qoʻshilib yigʻlab turib, bir yigitni «juda yaxshi koʻrishini» aytdi. «Boʻlmagan gap, — dedi onasi, — yaxshi koʻrganingni erga tekkaningdan keyin unutib yuborasan». «Unutolmayman, oyijon», dedi yigʻidan toʻxtamay Matluba. «Agar oʻsha yaxshi koʻrganingga tegaman, desang mening oʻligimni hatlab oʻtib chiqasan bu uydan», dedi onasi qat’iy tarzda. «Oyijon, sizning bir tomchi koʻz yoshingiz uchun undan kechsam kechvorar edim, lekin... toʻyning ertasiga kuyov tomon meni izimga qaytarib yuborsa isnodga chiday olmaysizlar...» Onasi beixtiyor «nega?» deb soʻradi-yu, nima voqea sodir boʻlganini anglab, labini tishladi, yuzini yuldi.

Matluba toʻgʻri aytgandi — isnodga chiday olishmas edi. Boʻlib oʻtgan sharmandali voqeadan xabar topishgach, dardlarini ichlariga yutmoqdan oʻzga chora boʻlmadi. Agar bu uyatdan odamlar xabar topishsami?! Xudo koʻrsatmasin!

Matluba xohlagani — Tursunaliga tegdi. Unga dabdabali toʻy nasib etmadi. U alamli, azobli hayotni oʻziga ravo koʻrdi. Otasi esa, «oziq-ovqat savdosi boshqarma»siga rahbarlik qilish niyatiga yetolmadi. Sir uch kishining orasida qoldi. Matlubaning akasi, ukasi uning Tursunaliga tegishini oʻjarligidan, deb baholadilar. Otasi Matlubani rasman oq qilmagan boʻlsa-da, gaplashmay qoʻydi. Salomlariga ham alik olmadi. Faqat tilsiz, harakatsiz qolganidan keyin qiziga qarab bir nimalar demoqchi boʻlib gʻoʻdranardi, koʻzlari yoshlanardi.

Otasini isnod emas, pul gʻami yiqitdi. Ulardan ikki uy narida qimorboz qoʻshnilari boʻlardi. Bir kuni chiqib «Qimorni tashlamoqchiman. Ammo bu shaharda yashab turib tashlay olmayman. Samarqanddan joy topdim. Ota yurtimga joʻnayman, joy begona boʻlmasin. Siz bizga koʻp yaxshilik qilgansiz. Uyimni sotib oling, sizga arzonroq qilib beraman», debdi. Otasi ham qiziq, uyga muhtojligi yoʻq edi. Katta oʻgʻli oʻzi bilan qolib, kichigi joy qilib chiqib ketgan edi. Lekin nafs qurgʻur «arzonroq olu u yer bu yerini tuzatib, ikki baravar ortiqqa pulla», deb qutqu qilaverganmi, harholda mahalladan uch-toʻrt odam chaqirildi, savdo pishdi. Pul toʻlandi. Qoʻshni ikki oydan soʻng koʻchishga ijozat soʻradi. Oradan ikki oy emas, yarim yil oʻtsa ham u joyidan jilmadi. Sakkiz oydan soʻng koʻchishi lozimligi eslatilganda u «nega koʻchaman?» deb «ajablandi». Uyni sotganini aytishganda esa, «Qachon sotibman? Shunday uyni nimaga sotaman?» deb yana «ajablandi». Guvohlar chaqirildi. Biri «eslay olmadi», boshqasi «bunaqa gap boʻlmagani»ni aytdi. Guvohlar chiqib ketishgach, otasi yiqildi, tilsiz, harakatsiz boʻlib qoldi. Oradan uch oy oʻtar-oʻtmas, onasi uyqusidan uygʻonmadi. Moʻ‘mina ayol edi, omonatini ham osongina topshirdi.

Onalar hech mahal farzandlaridan norozi boʻlib ketmaydilar. Shunday boʻlsa ham Matluba «onamdan rozilik ololmadim», deb armonda qoldi.

Onasi oʻtganidan beri ota uyiga borgisi kelmaydi. Akasi bilan yangasini koʻrishga tobu toqati yoʻq. Akasini oʻsha urganlari uchun sira-sira kechirolmaydi. Hatto onasini behurmat qilganida ham xotinini chertmaydigan insonning singlisini doʻpposlashi chindan ham kechirish mumkin boʻlgan hol emasdi.

Janozadan keyin qaysi bir kuni ukasi yolgʻon yigʻisini avjga chiqarayotgan yangasiga qarab turib, «onam boyaqish oʻldilaru bu dunyodagi doʻzax azobidan qutuldilar», degan edi. Yomon kelindan Yaratganning oʻzi asramasa qiyin ekan. Qayin singillar turmushga chiqib ketishar, qayin inilar koʻchib ketishar, ota bilan ona esa, bu dunyo azobiga dosh berib, yashashdan oʻzga choralari yoʻq. Ularni bu azobdan faqat oʻlimgina qutqaradi.

Matluba shaharga tushganida «otamnikiga boraymi yo ukamnikigami?» deb ikkilanib oʻtirmas edi. Toʻgʻri, otasini borib koʻrardi, ammo u yerda uzoq oʻtirmas edi. Yangasining «qiz degan otaga qarab oʻtirishi kerak», degan fasod gaplariga javob bermay iziga qaytardi. Erining ishi sudda koʻrilayotganda bolalarini olib ukasinikiga koʻchib keldi, deyilsa ham boʻladi.

Matluba ukasining darvozasi qarshisida turib, yuragi uvishib ketdi. Bir qarasang atrofingda mehribon odamlar koʻp. Ular senga yaxshilik qilgisi keladi-yu, ammo nima uchundir qilmaydi. Dardingga malham qoʻygisi keladi-yu, ammo nimagadir qoʻymaydi. Senga qoʻshilib yigʻlagisi keladi-yu, ammo nimagadir yigʻlamaydi. Boshing uzra baxt quyoshi charaqlab qolsa, uning nuridan sen bilan birga bahra olishga shoshilishadi. Bu baxt quyoshi yuzini abri balo qoplaguday boʻlsa, pana-panaga qochadilar. Oʻsha panada turib, senga boʻlgan sadoqatlarini izhor etadilar. Matluba eri qamalgunicha buni bilmas edi. Balo buluti hamma yoqni zulmatga oʻragani bilan hayotni yaxshi-yomonga ajratib, odamning gʻaflat uyqusidagi koʻzini ochar ekan.

Shaharda qarindoshlari koʻp, tanishlari undan-da koʻp. Ammo ularga baxti kulgan Matluba kerak. Bir olam dard iskanjasidagi baxti qaro Matlubani ular boshlariga uradilarmi? Ularni ham ayblash qiyin, chunki dard masalasida ularning boshqalardan kam yeri yoʻq. Matluba qaysi birlarinikiga hasratdosh izlab borsin? Ukasi... mehribon, ammo Matluba ayrim masalalarda unga yorila olmaydi.

Toʻgʻri, shaharda bittasi bor... Lekin u ham hasratdosh emas. Ammo agar gapi rost boʻlsa, Matluba uchun jonini berishga tayyor odam. Dorulfununga qabul imtihonlari paytida ishqi tushib, to Matluba erga tekkunicha tinch qoʻymadi. Ismi Ramziddin boʻlgan bu yigitni oshiqligi sababli hamkurslar Romeo deb kulishardi. Bu ism uning oʻziga ham yoqib, Matlubani bir-ikki «Juletta» deganida eshitadigan «shirin» gaplarini eshitib olgan edi. Bu Romeo tushmagur mulohaza, odob, muomala koʻchalaridan oʻtmagan soddagina yigit edi. Matlubaga boʻlgan muhabbatini hech kimdan yashirmas, muhabbat yashirin tuygʻular mevasi ekaniga fahmi yetmas edi. May bayramida namoyishga ketishayotganda, Qizil maydonga yetmay, ancha vaqt toʻxtab qolishdi. Shunda bu Romeo tushmagur dabdurustdan «shu yil imtihonlardan soʻng uyingga sovchi yuboraman, yoʻq desang uvolimga qolasan», dedi. Matlubaning qitmirligi tutib, «chindan yaxshi koʻrasizmi?» deb kuldi. Unga dugonasi qoʻshilib «yaxshi koʻrsangiz hozir hammaning oldida isbot qiling», dedi. «Qanday isbot qilishim kerak?» dedi Romeo ajablanib. «Matlubaning qarshisida hoziroq tiz choʻqing!» dedi dugonasi shaddodlik bilan. «Tiz choʻkaymi?» deb soʻradi Romeo Matlubadan «yoʻq» degan javobni kutib. «Nega Matlubadan soʻraysiz. Yaxshi koʻrsangiz tiz choʻking darrov! Amerikaliklar shunday qilisharkan. Zamonaviy yigitlar Amerikaga ergashishlari kerak», dedi dugonasi boʻsh kelmay. Romeo yana Matlubaga qaradi. Najot boʻlmagach, choʻntagidan tanga pullarini olib qizning oyoqlari ostiga sochdi-da, ularni terib olish bahonasida tiz choʻkdi. Uning bu topqirligidan qoyil qolgan qizlar koʻchani boshlariga koʻtarib, sharaqlab kulib yuborishdi. «Matlu, shundan boshqaga tegsang xor boʻlasan», deb hazillashishdi. Oʻshanda farishtalar «omin» degan ekanmi, boshqaga tegdiyu xor boʻldi...

Oʻsha kezlari esa, Matlubaning koʻz oldidan Tursunali ketmas edi. Boshqa barcha yigitlar uning uchun arzimas bir odamchalar edi.

Romeo bilan turli tasodif tufayli keyin ham uchrashdilar. Har gal uchrashishganda u uylanmaganini, Matlubaning erdan chiqishini kutayotganini aytardi. «Sovuq nafas qilma, nega erdan chiqarkanman?» derdi Matluba. «Sen u bilan baxtli boʻlolmaysan. Yo ajralishasan, yo siqilib oʻlib ketasan. Boshqa yoʻl yoʻq senga. Mening ham bitta yoʻlim bor — seni kutaman. Qariganingda boʻlsa ham senga uylanaman. Uylanmagunimcha oʻlmayman», derdi u.

Tursunali qamalgach, yana uchrashishdi. Bu safargi uchrashuv tasodifiy boʻlmadi. Romeoning oʻzi qishloqqa qidirib bordi. Yana oʻsha gapni aytdi. «Uni oʻn besh yil kutmoqchimisan? Kutma», dedi. «Ahmoq ekansan,— dedi Matluba. — Boshqa kelma, men ersirab qolmaganman». «Boshqa kelmayman, oʻzing borasan», dedi u ishonch bilan. Soʻng yon daftarchasining bir varagʻiga turar joyini yozib berdi. Matluba bu qogʻozni gʻijimladi-yu, ammo tashlab yuborolmadi.

Hozir ukasining darvozasi qarshisida shuni eslab, bir entikdi. Bu yomon xayol domiga tushmaslik uchun qoʻngʻiroq tugmasini bosdi. Eri qamalganidan beri dam yarim tunda, dam erta saharda kelib yurgani uchun eshikni ochgan kelini bu tashrifdan ajablanmadi. «Keling, opa», deb soʻrashdi.
— Sarvar uydami? — dedi Matluba, ostona hatlab ichkari kirgach.
— Uydalar, futbol koʻryaptilar. Odatlarini bilasiz-ku, futbol desa oʻzlarini tomdan tashlaydilar.

Sarvar chiqib, opasi bilan salomlashdi-da, «choy-poy ichib tur, hozir tamom boʻladi», deb yana kirib ketmoqchi edi, xotini toʻxtatdi:
— Odamni isnodlarga oʻldirib yuborasiz-a, futbol oʻlguringizni bir marta koʻrmasangiz nima qilibdi?

Bu gaplarni eshitib, Sarvar qoshlarini chimirdi:
— Yana bir marta «futbol oʻlgur» degsang, jiydaxaltangni qoʻltiqlaginu onangnikiga joʻnab qol.
— Axir opam...
— Opam boʻlsa, oʻzimning ming yillik opam. Mensiz yarim soat chidab oʻtirishga qurbi yetadi. Sen kallangni ishlat: bunaqa oʻyin toʻrt yilda bir marta boʻladi. Toʻrt yil kutaman men bunaqa oʻyinni.
— Mening kelin degan nomim bor. Har qanaqasiga kim yomon — kelin yomon.

Matluba er-xotinning «olishuvi»ni eshitib, ma’yus jilmaydi.
— Sarvar, bor, kiraver, futbolingdan qolma.

Shu payt ichkaridagi televizordan muxlislarning hayqirigʻi eshitildi. Nimadir demoqchi boʻlgan Sarvarning gapi ogʻzida qolib, sapchiganicha ichkari kirdi.
— Nazmixon, qoʻying, odatini bilasiz-ku. Oʻzining toʻyida futboldan kechmagan odam shu paytda kechadimi?
— He quribgina ketsin, shu futbollari, — Nazmi shunday deb qayin egachisini mehmonxonaga boshladi.

Bu xonadondagi er-xotin yechishi mushkul boʻlayotgan asosiy muammo futbol masalasi edi. Sarvar bu oʻyinning ashaddiy muxlisi boʻlsa, Nazmi ashaddiy dushmani edi. «Futbol — san’at! Sochi uzun, aqli kalta odam bu oʻyinning gashtini bilmaydi». «Futbol — yigirma ikkita ahmoqning bitta toʻp ketidan Ali akaning itiday halloslab yugurishi». Er-xotinning bu boradagi «falsafasi» shundan iborat. Oʻn yilning nari-berisida davom etayotgan «ilmiy» bahsda hali tomonlarning kelishuvidan darak yoʻq. Hozirgi bu bir «choʻqishib» olish ham Matluba uchun yangilik emas. Har safar «qozilik» qilishga toʻgʻri kelsa, kelinga toʻylarini eslatadi. Bu eslatuv Nazmiga yoqadi. Aslida Nazmi bu voqeani sira unutmaydi. Chunki bu unutadigan voqea emas. Biron hajvchining qulogʻiga chalinsa yozib yuborishi turgan gap. Tasavvur qiling: nikoh bazmi avjida. Tabriklarning biri-ikkinchisiga ulanadi. Shirakayf mehmonlar kelinning yarim soatdan beri yolgʻiz oʻtirganini sezishmaydi. Ammo bunaqa holat ayollarning nazaridan qochmaydi. Tabiiyki, eng avvalo kelin poshsha bezovtalanadilar. «Hozir kelaman», degan kuyov toʻra qayoqqa gʻoyib boʻlishlari mumkin? Yangasi biqiniga asta turtib, «Qani kuyov?» deb soʻraydi. Nazmi qaerdan bilsin?

Xotinlarning shivir-shiviri tavonxonagacha yetib boradi. «Opoqi, qudalar xavotirlanishyapti, oʻgʻlingiz bir soatdan beri yoʻq emishlar». «Yarim soat» tavonxonaga «bir soat» boʻlib yetib bordi. Bu gap xotinlar tili vositasida koʻchaga chiqquday boʻlsa, «ikki soat»ga yetishi tayin. Oʻgʻlining qaerdaligini ona bilmay, kim bilsin? Toʻgʻri, bu gapni eshitib, avvaliga yuragi «shuv» etib ketdi. Harholda doʻstdan dushman koʻp. Onaning ziyrak fahmi bu xavotirni darrov quvdi. «Voy, shoʻrginam, bugun futboli boridi-ya! Toʻyni ertaga koʻchiring, deganida qudalar koʻnishmovdi». Xullas, Sarvar yana oʻnbesh daqiqadan soʻng «topildi». Oʻsha kuni u umrida yagona zoʻr «jasorat» koʻrsatdi: futbol oʻyinining faqat ikkinchi boʻlimini koʻrdi. Birinchi boʻlimini esa «umrida bir marta boʻladigan tantana» — toʻy uchun qurbon qildi. Tabiiyki, Nazmi bundan oʻsha paytda bexabar edi.

Kuyov toʻra xushnud holda joylarini egallaganlarida kelin poshsha arazlaganday bir chimirilib qoʻydilar-u, tergamadilar, turmushning dastlabki daqiqalaridayoq tergashni oʻzlariga ep koʻrmadilar. Bu ham oʻziga xos bir jasorat boʻldiki, zikr etilmogʻi albatta, oʻrinlidir. Oʻyin koʻngildagiday tugagani uchun kuyov toʻraning kayfiyatlari yaxshi edi. Barmoqlarining uchi bilan kelin poshshaning yumshoq joylarini oʻgʻrincha silab, quloqlariga shivirladilar:
— Sizga bitta she’r aytib, beraymi?

Kelin poshsha ajablanib, «she’r yozgani ketgan edingizmi?» degan savol nazari bilan qarab qoʻydilaru bosh irgʻab, she’rni oʻqimoqqa ijozat berdilar.

Kuyov toʻra yana quloqqa shivirladilar:
— Ekin ekadigʻon yering boʻlaman, bugundan boshlab ering boʻlaman.

Kelin poshsha «piq» etib kulib qoʻydilar. Bu kulgi kuyov toʻraning gunohlari kechirilganiga bir ishorat edi. Qadah koʻtarib tabrik soʻzi aytayotgan mehmon goʻyo kuyov toʻraning hozirginada she’r aytganlarini sezganday «mushoira»ni davom ettirdi:

«Sarvarbek! — deb xitob qildi u. — Toʻy toʻylashib keldik elingizga, Xudo quvvat bersin belingizga!» Toʻyxonani qiyqiriq bosib, xotinlarning farazlarga boy «shivir-shiviri»ga yakun yasaldi. Mana shu qisqa vaqt davomida Sarvar xotinlar tili bilan yasalgan «uchar gilam»da yaxshi koʻrgan qizi bilan uchrashib qaytishga» ulgurdi.

Nazmi har safar shu voqeani eslaganida bir entikib qoʻyadi. Hozirgi entikish eriga boʻlgan arazni nari surdi. Qayin egachisiga mehribonlik koʻrsatib, Matlubaning qarshiligiga qaramay dasturxon tuzadi. Choy damlab kelgach, qoʻni-qoʻshnilar, qavmu qarindoshlar hayotidan qisqa-qisqa axborot berdi. Matluba kelinining bu odatini ham yaxshi koʻradi, ham ranjiydi. Yaxshi koʻrganining boisi — Nazmi bilan besh daqiqa birga boʻlsa bas, barcha yangiliklardan xabardor boʻladi. Ranjiganining boisi — uning tashrifi haqidagi ma’lumot ham ertasigayoq «xotinlar telegrafi» orqali tarqaydi. Tursunali qamalganidan beri bu «telegraf» toʻla quvvat bilan ishlaydi. Matluba ba’zan «gap shu yerda qolsin», deb keliniga qattiq tayinlaydi. Kelinning «oQzi mahkam». Matluba ketguniga qadar bu gap ostona hatlamaydi. Matluba tushgan avtobus shaharni tark etmay, sir saqlanmoQi lozim boʻlgan yangilik ozgina qoʻshilgan, bezalgan holda «xotinlar telegrafi»ga ulanadi.

Nazmi mahalla yangiligini tugatib, qarindoshlarga oʻtganida Matluba uning gapini boʻldi:
— Vazirlikka hisobot olib tushgan edim. Qogʻoz oʻlgur biram koʻp. Bitta-bitta tekshirib olgunicha kech boʻlib ketdi.

Matluba bu gapni «xotinlar telegrafi» uchun atay aytdi. «Hisobot oladigan qoʻngʻiz moʻylov opamga bir-ikki ilmoq tashlash uchun atay kechgacha olib oʻtiribdi», degan qoʻshimchadan, shubhasiz, Matluba bexabar qoladi.

Futbol tugab, Sarvar chiqib keldi.
— Voy opa, qarang, bir qarang, — dedi Nazmi, — shoxlari chiqibdi!
— Boya nima deding? — dedi Sarvar uning pichingini tushunmaganday, — «Odamni isnodlarga qoldirasiz» dedingmi? Men futbolni koʻrmay shu gapingni oʻylab oʻtirdim.
— Gapimga nima boʻpti?
— Qiziq-da. Odam isnodga qolsa, senga nima?
— Voy, savil, opa, ukangizning gaplarini eshityapsizmi? Men odam emas emishman...
— Men unaqa demadim, — Sarvar shunday deb choy xoʻpladi, — choyni yangila, sovubdi.

Nazmi opa-ukaga bir-bir qarab chimirildi-da, jahl bilan oʻrnidan turib, tashqariga chiqdi.
— Ba’zan juda oshirib yuborasan-da. Choy issiq edi-ku? — dedi Matluba ukasiga norozi qiyofada boqib.
— Shunaqa demasam, vaysab oʻtiraveradi. Ha, nima boʻldi, tinchlikmi?
— Vazirlikka hisobot olib tushuvdim...
— Boʻladigan gapni gapirsang-chi.

Matluba ukasidan sir saqlamas edi. Ammo boʻlib oʻtgan gaplarni hozir aytgisi kelmadi. Erining oʻynashi oldida, oʻzi «shaltoq, isqirt», deb hisoblagan bir ayol qarshisida past ketgani, aniqroq aytilsa, magʻlub boʻlganini tan olgisi kelmadi. Shu sababli «boʻladigan gaping nimasi», deb ukasidan nigohini olib qochdi. Ziyrak Sarvarga shuning oʻzi kifoya qildi.
— Boʻldi, toʻk dardingni, yana yorilib ketmagin, — dedi u opasiga tikilib.

Matluba bu qarashga bardosh bera olmadi. Bir soat avvalgi voqea, magʻlubiyatdan toshgan dardu alam daryosi koʻzlaridan yosh boʻlib quyila boshladi.
— Yorilasan, dedim-ku! Ayt, nima boʻldi?

Matluba roʻmolchasi bilan burnini chimdib qoʻyib, «hech narsa» dedi-da, sumkachasidan erining xatini olib, uzatdi.

Sarvar xatni oʻqib, bir oz oʻylandi. Soʻng «xato oʻqimadimmi» deganday satrlarga yana koʻz yugurtirdi.
— Ha... tushibdilar, akaginam... — dedi oʻziga oʻzi gapirganday.
— Nimaga tushadi?
— Oʻgʻrilarning qoʻliga tushibdi ering.
— Qanaqa oʻgʻrilar? — Matluba bu yangilikdan ajablanib, yigʻini ham unutdi.
— Qanaqa boʻlardi, oddiy sovet oʻgʻrilari, — deb piching qildi Sarvar. Soʻng jiddiylashdi: — Ularga soliq toʻlanmasa ersiz qolasan.
— Sen buni qaerdan bilasan?
— Bilaman-da.
— Yoʻq, ayt, qaerdan bilasan?
— Men bilan birga oʻqigan Habib esingdami? «Zolotoy» derdik. Oʻninchida oʻqiyotganida qamalib ketuvdi. Esingda yoʻqmi? Xoʻp, unda esing Tursunali akang bilan band edi. Xullas shu bola ikki marta oʻtirib chiqqan. Salkam «vor v zakone».
— Bu nima degani?
— Oʻgʻrilarning zoʻri, degani. Oʻsha gapirib beradi menga bunaqa gaplarni.
— Uchrashib turasanmi? Oʻgʻri bilan-a?
— Oʻgʻri boʻlsa, koʻchada oʻgʻri. Uyda mening oshnam.
— Bu xatni unga koʻrsataylik.
— Foydasi yoʻq.
— Nega?
— Tanish-bilishlik, iltimos degan narsa bizlarda boʻladi. Oʻgʻrilarda bunaqasi yoʻq. Eringni shunga hukm qilishibdimi — tamom. Davlatning xazinasiga oʻxshab, ularning ham xazinasi boʻladi. Tomib turmasa, quriydi bu xazina. Ular esa xazinalarining qurishiga sira yoʻl qoʻyishmaydi.
— Xazinasiga oʻt ketsin!
— Qargʻama. Ularning ishi toʻgʻri. Ular duch kelgan odamni tushirishmaydi. Pochchaginamga oʻxshagan gʻirromlarni oʻmarishadi. Oʻzing oʻylab koʻr, ishchidan yo dehqondan nimani oʻmarishadi?
— Pochchangdan hech nima qolmadi. U uyga tashimas edi.
— Bu bilan ularning ishlari yoʻq.
— Men qayoqdan topaman shuncha pulni?! — Matlubaning titroq ovozi bir necha parda koʻtarildi. Oshxonada ivirsib yurgan, qoʻli ishda, qulogʻi esa mehmonxonada boʻlgan Nazmi ham bu ovozni eshitdi.
— Er kerak boʻlsa, topasan, — dedi Sarvar xotirjam tarzda.
— Bermasam oʻldirishadimi?
— Bilmayman. Agar shunaqa shart qoʻyilgan boʻlsa — oʻldirishadi.
— Bolalarimga-chi? Tegishmaydimi?
— Bilmayman... Agar bolalarni garovga qoʻygan boʻlsa...
— Nega garovga qoʻyarkan? Bolalarda nima haqqi bor uning?! Voy Xudoyim, qayoqdanam shu hayvonga tegdim!
— Boʻldi, gʻingshima. Endi hayit oʻtgan, xinani xohlagan joyingga qoʻyasan.

«Xotinlar telegrafi» uchun qiziq ma’lumot bera oluvchi gapga shoshgan Nazmi kirib kelib, ikkovlari ham jim qolishdi.
— Bolalarning oʻqishiga qattiq turganing yaxshi,— dedi Sarvar gapni burib. Matluba avvaliga ukasining muddaosini tushunmay ajablandi. Soʻng keliniga bir qarab olib:
— Hozir oʻyinqaroq payti. Otasi boʻlganidayam ha-yigʻib turarmidi... — deb qoʻydi.
— Onasi, ertalab vaqtli ketaman. Kiyimlarimga dazmol urib qoʻy, — dedi Sarvar, xotini uzatgan choyni olib.

Nazmi «kiyimlaringiz tap-tayyor» deyishga ogʻiz juftladi-yu, oʻzining bu suhbatga ortiqchaligini anglab, oʻrnidan tura qoldi.
— Menam vaqtli ketaman, — dedi Matluba, — Ertaga kelaman. Pul oladigan yigit adamlarnikini tayin qilgan.
— Men ham adamlarnikida boʻlaman. Oʻsha yigitni bir koʻrib qoʻyay.
— Koʻrmaganing yaxshimikin. «Birov bilmasin» degan.
— Aytaveradi. Bu birov bilmaydigan ish ekanmi? Sen koʻp siqilaverma. Yolgʻiz boʻlganingda boshqa gap edi. Ahmoq boʻlsa ham, hayvon boʻlsa ham oʻsha peshonangga bitgan ering. Oʻn besh yil bergan boʻlsa, oʻn besh yil oʻtirmaydi. Oʻn besh yilgacha yo podsho oʻladi, yo eshak.

Sarvar shunday deb oʻrnidan turdi.
— Rostdan ham vaqtli ketishim kerak. Sen ham damingni ol.

Matluba bu xonadonga har kelganida kelini hurmat yuzasidan mehmonxonada yotmoqchi boʻladi. Har safar ham Matluba uni yotoqxonasiga chiqarib yuboradi. Odat bu gal ham kanda boʻlmadi. Mehmonxonada yolgʻiz qolgach, Matluba oʻringa yonboshladi. Bir necha nafasdan soʻng yuragi bezovtalanib, qaddini koʻtardi. Xayollari choʻl shamoliday bevosh boʻlib ketdi. Tursunali akasini ilk bor koʻrgan kunini ham esladi. Eslay turib, oʻsha kunni la’natladi. Asalday totli tuyulgan damlar zaharga toʻla turmushning aldamchi debochasi ekanini kech angladi. Yumuq koʻzlar ochilgan damda zaharga toʻla hayot qoʻyniga kirib boʻlgan, endi ortga yoʻl yoʻq edi. Hozir ham turmushning zaharli nishi yuragiga sanchilib, bezovta qila boshladi. Yuragi qattiqroq sanchganda beixtiyor «oyijon!» deb yubordi.

Ona — farzandiga yopirilajak dardu alamlar seli yoʻlidagi bir toʻgʻondir. Ona yaratgan Olloh huzuriga qaytgach, bu toʻgʻon oʻz-oʻzidan yemiriladi. Matluba buni ham kech angladi. Faqat Matluba emas, koʻpgina farzandlar shundaydirlar. Oxir-oqibat «Voy, onajonim!» deydilar, nolayu faryod dengiziga gʻarq boʻladilar. Soʻng esa, toʻgʻon boʻlishni Onaning ruhidan umid qiladilar. Johil bandalar... ofatlardan Onaning ruhi emas, Yaratganning oʻzigina saqlashiga aqllari yetmaydi... Yana Xudo biladi, onalarning ruhiga biron-bir qudrat kasb etilsa, borini hayotda qolgan farzandlari hi-moyasiga baxsh etarmi edilar... Bu shunchaki ojiz bir faraz. Aslida esa, Onalarning ruhlari farzandlar duosiga muhtojdirlar...

Matluba oʻrnidan turib deraza oldiga keldi. Uyda dimiqib ketganday boʻlib hovliga chiqdi-da, taxta soʻriga oʻtirib, tirsagi bilan panjaraga suyandi.

«Oyijon, «baxtli boʻl», deb duo qilardingiz. Duolaringiz nima uchun qabul boʻlmadi? Oʻzim aybdormanmi? Endi nima boʻladi? Dunyodan baxt nima ekanini bilmay oʻtamanmi? Mening boʻlarim boʻldi. Bolalarim baxtli boʻlishsin, duo qiling, oyijon. Oyijon, duo qiling, menga koʻp umr kerak emas. Zilolani kuyovga uzatganimdan soʻng bir yilgina yashasam yetadi. Zilolaning bolasini koʻrsam, beshik qilsam boʻldi, keyin yoningizga chaqiring. Kuyovingiz bugun-erta qamoqdan chiqib kelsa ham men bolalarimni unga ishonib tashlab keta olmayman. U chiqib kelgani bilan baribir yana oʻsha shiltasi bilan topishadi...»

Shu fikr xayoliga kelishi bilan oʻsha «qon qusgur Nafisa» koʻz oldida gavdalandiyu badaniga titroq yugurdi. Boshqa narsalarni oʻylashga harakat qilsa ham oʻsha «kafansiz koʻmilgur Nafisa» qarshisida tirjayib turaverdi. Shunda bir necha soat ilgari xayolini yoritib oʻtgan fikr yana qaytaladi: «Bu baloginaga yoʻliqqur oʻlmas ekan, men tinchimni topa olmayman. U oʻlmasa — menga hayot yoʻq...» Bu fikr qat’iylasha boshlaganda ayvonda sharpa sezildi.
— Nima qilib oʻtiribsan?

Matluba ukasining ovozini eshitib, oʻgirildi.
— Uyqung, kelmayaptimi? Negadir men ham uxlay olmayapman. Koʻzlarimni yumsam, adam chaqirayotganga oʻxshaydilar.
— Sogʻingandirlar. Qachon borib koʻruvding?
— Toʻrt kun boʻldimikan?
— Yoʻling-ku, kunda bir koʻrib oʻtsang boʻlmaydimi?
— Boʻladi-ku, Ofatni kunda bir koʻrish menga ham ogʻir-da. Kirishimdan sasishni boshlaydi, yarim soatga zoʻrgʻa chidayman. Shuni qoʻydirib, akamga boshqa xotin olib berishimiz kerak.
— Qoʻysang-chi.
— Sen nimaga uxlamayapsan? Siqilma, dedim-ku.
— Anavi oʻgʻri oʻrtogʻingni qachon koʻrasan?
— Xohlasam hozir, xohlasam ertaga. Nima edi?
— Soʻrab koʻrgin. Bitta odam oʻldirish qancha turarkin?
— Nima? — Sarvar hayratlanib opasining koʻziga qaramoqchi boʻldi. Oʻn kunlik oy yorugʻida koʻzlardagi ma’noni uqib boʻlmadi. — Nima deding? Kimni oʻldirtirmoqchisan? Pul soʻrab kelgan bolanimi? Kallangdan chiqarib tashla bu xayolni! U oʻlsa, boshqasi keladi.
— Uni emas... bittasi bor.. soʻrab bera qolgin.
— Narx bir xil boʻlmaydi. Odamiga qarab soʻrashadi. Lekin Habib bunaqa ishga bormaydi. U oʻgʻri, killer emas.
— Killering nima?
— Pulga odam oʻldirib beradiganlarni «killer» deyishadi.
— Eng arzoni qancha, bilib ber.
— Sen... esingni yigʻ. Agar killer qoʻlga tushsa, buyurtmachi ham ketadi. Aqlingni yigʻu bunaqa ishlardan nari yur. Agar yaxshilab qargʻasang, oʻladigan odam shu qargʻishing bilan ham joʻnavoradi. Boʻldi, kirib yot. Ahmoq boʻlib qolibsan.

Sarvar keyingi gapni zarda bilan aytib, opasini tirsagidan ushlab uyga boshladi.

Matluba yotgani bilan uxlay olmadi. Tongga yaqin koʻzi ilingan ekan, darvoza qoʻngʻirogʻi ketma-ket jiringlab uygʻotib yubordi. Sarvar maykachan holda shoshilib hovliga chiqdi. Darvozani ochishga ulgurmay, koʻcha tomondan jiyanining ovozi eshitildi.
— Amaki, tez borar ekansiz, adam aytdilar. Men telegrafga borib, ammamga telefon qilaman.
— Ammang shu yerda, — dedi Sarvar darvoza eshigini ochib. Toʻn kiyib, qiyiq bogʻlab olgan jiyanini koʻrdiyu otasidan ayrilganini angladi.

Ukasiga ergashib chiqqan Matluba ostona hatlay turib, «Adammi?» dedi-yu, javob kutmay yigʻlab yubordi.
— Kechqurun chaqirishlari bekorga emas ekan, gʻaflatda qolibman-ku, — Sarvar ich-ichidan kelgan bir oʻkiriq bilan boshiga mushtlab ingrandi.

Opa-uka ota uyiga kelganlarida akalari koʻchaga qoʻyilgan stullardan birida yolgʻiz oʻzi shumshayib oʻtirgan edi. Matluba akasini bu ahvolda koʻrib, yanada xoʻrligi kuchaydiyu «Voy otam»lab aytib yigʻlashni boshladi.

Marhum uy oʻrtasiga solingan yangi koʻrpa-toʻshakda yotardi. Jagʻi tangʻib bogʻlangan boʻlsa-da, ogʻzi xiyol ochiq edi. Koʻzlari ham butkul yumulmagandi. Xuddi berkinmachoq oʻynayotgan bolaning koʻzlariday yarim ochiq edi. Goʻyo u jon bermaganu, hazillashib oʻzini oʻlganday qilib yotib olgan edi. Yarim ochiq lablari hozir bir jilmayib soʻng soʻzlay boshlaydiganday edi.
— Ada! Adajon!!

Tabiiyki, javob boʻlmadi. lablar jilmaymadi. Soʻzlar aytilmadi. Goʻyo murda gapirib yubormasin, degan ehtiyotni qilib jagʻ tangʻib bogʻlanganday...

Matluba kirib kelgan yangasini quchoqlab olib yigʻladi. Bilmagan odam quchoqlashib boʻzlayotgan bu ayollarni bir-biriga mehribon opa-singil deb oʻylashi ham mumkin edi. Ular bir-birini tinglamagan holda aytib yigʻlashardi: «Mehribonim otam...» Yarim ochiq koʻzlar esa, goʻyo ularni kuzatardi, lablar esa, goʻyo pichirlar edi: «aytayotganlaring rostmi? Chin dildan achinyapsanlarmi?..»

Afsus shuki, murdalar gapirmaydilar. Ularga bir necha daqiqalik soʻzlash imkoni berilsami edi... Bu olamda nimalar yuz bermas edi-ya... Yana kim biladi, balki birovlar bu imkoniyatdan foydalanib kalimai tavhidni toʻxtatmay aytarlar, birovlar «shuncha yil talashib-tortishib erishganimiz oqibat shu boʻldi, koʻrib qoʻying, ibrat oling», derlar, birovlar esa, «falonchi mendan besh soʻm qarz olib edi, gʻaflatda qolmanglar, borib olinglar», deb ogohlantirar?

Kimdir Yaratganning huzuriga borayotganiga shukr qilib koʻz yumar, kimdir lahadda yolgʻiz yotishini oʻylab qoʻrquv bilan jon berar, kimdir toʻplagan boyligi qolib ketayotganidan achinib oʻlar...

Bu dunyoni qanday tark etishidan qat’iy nazar, barchalariga aza ochiladi. Bu dunyoda bir-birlari bilan tenglik qilmagan odamlar lahaddagi guvalaga bosh qoʻyishlari hamonoq tenglashadilar. Ammo bu tenglik ham uzoqqa bormas. Savol-javobdan soʻng, amalga qarab ajralish yuz berar — birov to qiyomatga qadar qabr azobiga giriftor boʻlar, birov esa bu azoblardan ozod etilar. Qiyomatda esa, uzil-kesil ajralish yuz berar...

Lablari ham, koʻzlari ham yarim ochiq marhum erishajak ajr ne boʻlar, yolgʻiz Tangri biladi. Matluba esa, astoydil aytib yigʻlaydi: «joyingiz jannatdan boʻlsin, adajon!..»

Marhum dafn etib kelingach, yigʻini uygʻotayotgan ehtiroslar ham soʻndi. Tashqarida odatdagi «Bandalik ekan» — «Ollohning irodasi» — «Sabr bersin», degan ta’ziya bildirishlar, ichkarida esa birdan boshlanib, birdan soʻnuvchi yigʻi tovushlari eshitilib turdi. Matlubaning yangasi koʻngil aynitar gaplarini ana shundan keyin boshladi.

Odatda qizlar ota uyida qirq kungacha oʻtirishardi. Matlubaning qirq daqiqa oʻtirishga ham toqati qolmadi. «Ta’ziyaga keluvchi xotinlarning keti uzilmasayu yangamning vaysashi uchun fursat boʻlmasa», deb orzu qildi.

Ertasiga yangasining navbatdagi diy-diyosi boshlanganda Sarvar ichkariga moʻralab, Matlubani imlab chaqirdi.
— Xursanali degan yigit soʻrayapti. Sovxozingdan kelibdi.
— Bu oʻsha, — dedi Matluba. — Endi nima qilamiz? Shunday kunda ham kelib, bez boʻlib turibdimi?
— Nima qilarding, toʻlaysan. Bularda toʻy-aza degan gap yoʻq.— Sarvar shunday deb choʻntagidan qogʻozga oʻralgan pul olib, opasiga uzatdi.— Ma, olib chiqib ber.
— Pulmi? Tayyorlab qoʻyuvdingmi?
— Zolotoyga aytuvdim. Yordam bera olmasligidan afsuslanib, bu yilgi soliqni koʻtaradigan boʻldi.
— Oʻzi berib qoʻya qolmaydimi?
— Bunaqa hotamtoyligini bilib qolishsa tinch qoʻyishmaydi. Lekin odamlari bilan gaplashibdi. Bolalaringga tegishmaydi. Xotirjam boʻl. Seni ham himoya qilishadi.

Sarvar keyingi gaplarni opasini dardini yengillatish uchun oʻzidan qoʻshdi.

Matluba pulni olib, koʻcha eshik tomon yurdi. Yigit uni koʻrib, oʻzini chetga oldi. Birinchi soliq toʻlash marosimi gap-soʻzsiz boʻldi. Matluba pulni uzatdi, yigit olib choʻntagiga soldiyu «xayr, rahmat» deganday tirjayib qoʻygach, burilib joʻnadi.

Matluba iziga qaytayotganida akasi «Ha, tinchlikmi?» deb soʻradi.
— Tinchlik, — dedi Matluba, — sovxozning kassiri. Qogʻozlari menda edi.

Akasi xavotirlanib emas, shunchaki soʻragan edi, bu javob bilan qoniqdi.

Darbadar

Birinchi qor yomgʻirga aralashib yoqqani uchun tez erib ketdi. Qor bahonasi bilan yopirilib kelgan sovuq tunda kuchga kirib, faoliyatini yer sathini muzlatishdan boshladi. Bunaqa sovuqni endi koʻrayotgan Tursunali diydirab, «shu sovuqlarda muzlab, oʻlib ketsam kerak», deb xoʻrligi keldi. Bir qoʻlida choʻkich, ikkinchisida belkurak ushlab, saf bilan yoʻlga hozir boʻlib turganida roʻparasida Tengiz paydo boʻldi.
— Ha, zemlyak, ishlar qalay? Muncha shumshayasan? Nima, sovqotdingmi? Agar shuni sovuq desang, bir-ikki haftadan soʻng onangni koʻrar ekansan-da. Ha, xotiningga xat yozib, rahmat deb qoʻy. Aqlli ekan. Buyrugʻingni bajaribdi.

Tengiz shunday dedi-yu, burilib nari ketdi. Tursunali «meni bu azoblardan qutqaring», deb iltimos qilmoqchi edi, ulgurmadi, gapi oQzida qoldi. Safga qarata «Yurilsin!» degan buyruq berildi.

Uch kundan beri ular daraxt kesishmaydi. Kesilgan yogʻochlar yigʻilib qolganmish. Oʻn chaqirimcha piyoda yurib, soʻng oʻrmon ichida handaq qazishadi. Bu ovloqda handaqning nima keragi borligini hech kim bilmaydi. Aslida bu handaqlarning birovga zarurati yoʻq. Daraxt kesish vaqtincha toʻxtatilgani sababli mahbuslar bekor yotishmasin, degan maqsadda handaq qazdirishadi. Bir guruh kelib qaziydi. Ikkinchisi kelib koʻmadi.

Avvalgi kun Nuriddin ham Tursunali bilan birga edi. Kecha uni Tengiz yoniga chaqirib olibdi. Nuriddinsiz uning boʻlari boʻldi. Belgilangan vazifasini bajara olmay kaltak ham yedi. Kechqurun Nuriddinga arzi hol qilib «Tengizga ayt, menga yengilroq ish olib bersin», degan edi. Bugun Tengiz yaqinlashayotganini koʻrib, bir ichi yorishdi-yu, keyin yana zulmat qoʻynida qoldi.

Nuriddin uning iltimosini Tengizga aytgan edi.
— Hamzat, — dedi Tengiz unga javoban, — sen hech qachon odamlarga, ayniqsa, bunaqalarga achinma. Bu odam kim boʻlgan, bilasan-a? Sovxoz direktori! Bu yerda sen bilan menga yalinib yuribdi. Amal otida kerilib, davr surayotgan damlarida bizni odam oʻrnida koʻrarmidi? Bu xunasa boshqalarni eshshakday ishlatib, oʻzi maishatini surib yurgan. Ana endi mehnat nima, azob nima bilib qoʻysin.
— U chidolmaydi, oʻlib qoladi, — dedi Nuriddin.
— Qoʻyaver, oʻlsa ham mehnat bilan oʻlsin. Sen daraxt kesish boshlanguniga qadar mening yonimda yura turasan. Ammo bir narsani unutma: men bilan boʻlganingda koʻzing koʻr, qulogʻing kar boʻladi. Koʻrganingni koʻrdim demaysan, eshitganingni eshitdim demaysan.

Nuriddin bu buyruqqa itoat etdi. Bu itoati bilan oʻgʻrilar olamiga dastlabki qadam qoʻyganini oʻzi ham sezmay qoldi. Shu paytgacha oʻgʻrilar sirtmogʻiga boʻyin bermay kelayotgan edi. Tengiz koʻzga koʻrinmas sirtmogʻini ustalik bilan tashladi. Oʻsha kuni «politbyuro» toʻplandi. Hal qilinadigan aniq masala yoʻq edi. Shu bois «chefir» choy ichib, qarta oʻynab gaplashib oʻtirishdi. Qoʻtos ham, Koshak ham, boshqalar ham xizmatdagi Nuriddinga qarab-qarab qoʻyishardi. Koshak nechta uyni bosganiyu qancha odamni asfalasofilinga joʻnatganini aytayotganida Tengiz uning gapini boʻldi:
— Koshak, biz bu gaplarni bilamiz. Agar Hamzatni qoyil qoldirmoqchi boʻlsang, yanglishasan. Hamzat Afgʻonda oʻldirgan odamlarni sen sanogʻiga yeta olmaysan.

Koshak «shunaqami?» deganday Nuriddinga zimdan qarab qoʻydi. Tengiz aytmasa ham Nuriddinning kimligi, ochiqlikda nima qilgani bu yerdagilarning hammasiga ayon edi. Bu choyxoʻrlik, bu xizmat boʻlajak oʻgʻri bilan «yaqinroq tanishish» maqsadida uyushtirilgandi.

«Politbyuro» a’zolariga Nuriddin ma’qul keldi. Unga qarshi e’tiroz bildirilmadi. Tarqalish paytida Koshak:
— Uning tarbiyasini Qoʻtosga ber, — deb talab qildi.
— Hozir emas, — dedi Tengiz, — Bu bola egar urilmagan asov ot. Hurkib ketadi. Uni oʻzim egarlab, jilovlab beraman. Ana undan keyin Qoʻtosning qoʻliga tutqizaman.

Nuriddin Bifshteksni oʻldirgach, qamoq lagerida oʻziga nisbatan munosabat oʻzgarganini sezdi. «Politbyuro» majlisidan soʻng esa, lager boshliqlari ham unga yumshoqroq muomala qila boshladilar. Ana shunda Nuriddin «bularga bogʻlanib toʻgʻri qildimmi?» deb oʻylandi. Bulardan uzoqlashishning turli yoʻllarini izladi. U fahmi yetgan, bilgan barcha yoʻllarning boshi berk edi. «Faqat oʻlimgina bulardan qutqarishi mumkin», degan toʻxtamga keldi.

Garchi qamoq lagerida erkinroq yurishga sharoit yaratilgan boʻlsa-da, u ruhini qafasdan boʻshata olmas edi. U Bifshteksdan zoʻrroqlari bilan ham olishmogʻi mumkin, ammo oʻzini oʻzi yenga olmas edi. «Ismingiz nima, otaxon?» deb soʻraganida kulimsirab turib «Darbadar» degan oʻsha qariyani qutqarib yuborolmagani uchun oʻzini oʻzi to oʻlgunicha la’natlasa kerak.

Tayyorgarlik mashqlari davrida askarlar orasida «Afgʻonga tashlashar ekan», degan mish-mish yurardi. Birovlar qoʻrqib, najot istab uylariga xatlar yozsalar, boshqalar «baynalminal burch»ni bajarish, qahramonlik koʻrsatish ilinjida janggohga oshiqardi. Ba’zi yigitlar esa, «Afgʻondan qaytganlar istitutlarga imtihonsiz qabul qilinar ekan», deb umid qilishardi. Institutlarga kirish uchun Afgʻondan tirik holda qaytish lozimligini esa oʻylashmas edi. Har kuni oʻnlab qora temir tobutlar selining oqib kelayotganini ular bilmasdilar.

Nuriddin esa, «Nima boʻlsa, peshonamdan koʻrdim», deb oʻzini taqdir yozugʻi ixtiyoriga bergan edi. U jang-gohda yetti uxlab tushida koʻrmagan fojialarga duch keldi. Dastlab «bu vahshiyliklarni koʻraverib jinni boʻlib qolsam kerak», deb oʻyladi. Yoʻq, aqldan ozmadi, aksincha, diydasi qotib bordi. U afgʻonlarning nima uchun urushayotganini tushunmas edi. Uning uchun bir narsa aniq — qarshisidagi dushman! Sen otmasang, u seni oʻldiradi. Chunki u uchun sen dushmansan! Bu dunyoda yashab qolmoq uchun ham qarshingdagini oʻldirishing shart. «Baynalminal burch», «Afgʻoniston ozodligi», degan tushunchalar minginchi darajadagi masala edi. Ajal oʻqlari yogʻilib, faqat oʻz joning koʻzga koʻrinib turgan onda faqat aqldan ozgan odamgina bunday burch haqida oʻylashi mumkin. «Qarshimdagi dushman emas, musulmon birodarlarim. Oʻz uyini, molu jonini himoya qilgan odam nima uchun dushman boʻlar ekan?» degan tushuncha ham Nuriddinga yot edi. Qadimda Xuroson deb atalmish bu yurtni bobolar bir tomondan ingliz, shimoldan esa oʻrus hamlasidan himoya qilib jon berganlarini ham bilmas edi. Oʻrusga qarshi jihodda jon berganlarning avlodlari endi oʻrusga sherik boʻlib jon olsa... Bobolar oʻrusga Xurosonni bermagan edilar. Oʻrus Termiz bilan Koʻshkdan nari oʻta olmagandi. Nuriddin bularni ham bilmas edi. Bilganda-chi? Bilganda nima qila olar edi? «Bobolarim yurtiga qarab oʻq otmayman» desa, «Mayli uka, siz uyingizga qayta qoling, bu yogʻini oʻzimiz eplashtiramiz», deyisharmidi? Be, insof qilishsa «xizmatdan boʻyin tovlash» deb qamashardi. Rahm qilishmasa shartta otib tashlashardi — vassalom!

Nuriddin oʻzini Darbadar deb atagan qariya bilan uchragunicha aqlsiz goʻdak kabi edi. Darbadar otilganidan beri oradan toʻrt yildan oshiqroq vaqt oʻtdi. Qariyani otish uchun besh kishi chiqishdi. «Otilsin!» deb buyruq berildi. U ham beixtiyor tepkini bosdi. Moʻljalga olmadi. Balki oʻqi xato ketgandir, qariyaga tegmagandir?

Oʻq otilmay turib qariya unga qarab jilmayib qoʻydi. Nega jilmaydi ekan? «Men Vatanning bir boʻlagiman, sen Vatanga qarab oʻq uzmaysan, a?» demoqchi boʻldimi? Yo «Ana, aytmovmidim, qul boʻlganing uchun ham bularga qoʻshilib chiqding», demoqchimidi? Nuriddin bu jilmayishning ma’nosini uqishga koʻp harakat qildi. Biroq, tayin bir xulosaga kela olmadi. Badani oʻqlardan ilma-teshik boʻlgan Darbadar koʻkragini changallab, yana Nuriddinga tikildi. Bu safar jilmaymadi. Yoʻq, yoʻq, koʻzlari bir nuqtada qotdi: oʻtkir nigohiga savol alomati muhrlandi. Nuriddin bu qarashning ma’nosini ham uqmadi.

Oʻsha fojeadan keyingi tunlar Nuriddin uchun behalovat, azobli tunlarga aylandi. Darbadar oʻsha savol alomati muhrlangan nigohi bilan har tun uni ta’qib etadigan boʻldi.

Asirlar saqlanadigan hibsxonada Darbadardan boʻlak hech kim yoʻq edi. Nuriddin hibsxonani qoʻriqlash uchun navbatni qabul qilganida bundan keyingi hayoti algʻov-dalgʻov boʻlib ketishini oʻylamagan ham edi. Avvaliga «gapirish mumkin emas», deb ogohlantirdi. Darbadar «Sen gapirma, eshit», deb soʻzlayverdi. Xuddi tarix oʻqituvchisi dars oʻtayotgandek edi. «Oʻsha suhbatdan soʻng yigitning ongi oʻzgardi, vatanparvarga aylandi», desak lofga oʻrin bergan boʻlamiz.

Vatanni bir martagina boʻlsa ham koʻrishga zor koʻzlar jon taslim qilinganidan soʻng ham yumulmagan edi. Ana shu koʻzlar tunlari Nuriddinni uygʻotardi...

«Qoʻlingni uzat, boʻtam, qoʻrqma, kaftingni bir hidlay, undan Vatan hidi kelsa ajab emas. Imkonim boʻlsa edi, seni bir quchar edim. Axir sen Vatanimning bir zarrasisan. Men ham bir boʻlagiman. Taqdir oʻyinini qaragina — Vatan ikkiga ayrilmish — biri qafasda, biri esa, qullikda».

«Men qul emasman».

«Qulsan, boʻtam, qulsan. Koʻzlari yumuq qulsan. Aqli muhrlangan qulsan. Koʻzlaring ochiq boʻlsa edi, ozodlik sari yurgan boʻlar eding. Aqling qulflari buzilsa edi, kishanlarni urib sindirar eding».

«Kishan? Yoʻq, bizda kishan...

«O, «koʻngil, sen bunchalar nega

kishanlar bilan doʻstlashding

na faryoding na doding bor...» Boʻtam, sen bu satrlarni bilarmisan? Choʻlponni eshitganing bormi?»

«Choʻlpon? Kim u?»

«O, millat, baxti qaro millat! Seni zulmatdan yorugʻlikka olib chiquvchi avlod shularmi edi?»

«Gaplaringizni tushunmayapman?»

«Vatan nadir? Millat nadir? Erk nadir? Anglarmisan oʻzing? «Kulgan boshqalardir, yigʻlagan menman... Hayvon qatorida sanalgan menman...» O, millat holing na boʻlar endi»

«Ota, biron yeringiz ogʻrimayaptimi? Kasal emasmisiz?»

«Men sogʻman, boʻtam, millatim xastadir. Men bugunmi, ertami oʻlimimni toparman. Oqibat bu yorugʻ dunyoga sigʻmay qolarman. Vatan sogʻinchi bilan tepayotgan yuragimga bittagina oʻq kifoya. Vatanni bir martagina koʻrmoq umidimni oʻzim bilan tufroqqa olib keturman».

«Vatan, Vatan, deysiz? Vatanda turibsiz-ku?»

«Bir jihatdan gaping toʻgʻri, boʻtam. Bu Xuroson — bobolarimiz Vatani. Bizningda Vatandir bu. Ammo mening kindik qonim toʻkilgan Vatan — Andijondir».

«Ie, men ham oʻsha yerlikman».

«Qora qoshlaringga qarab koʻnglim sezib edi. Sen kirishing bilan Vatan isi dimogʻimga ufurdi. Shu bois soʻzlayverdim».

«Ismingiz nima, otaxon?»

«Ismim — Darbadar».

«Ie, shunaqa ism ham boʻladimi?»

«Toʻgʻri, bunaqa ism yoʻq. Lekin shunaqa odamlar bor. Mingtepa degan joyni bilasanmi? Jannatmakon otamning kindik qonlari oʻsha qishloqqa tomgan. Otam bir yoshga toʻlmay turib bobomning yurak qoni shu qishloqda oqqan. Oʻruslar Mingtepa ariqlarida inson qonlarini oqizib, soʻng atrof qishloqdagilarni adirga haydaganlarini nahot eshitmagan boʻlsang? Oʻzbeklarni darbadar qilib, ularning oʻrniga oʻruslarni koʻchirib olib kelib «marhamat, yashanglar!» deganlarini ham eshitmaganmisan? Axir oʻsha fojiadan «Marhamat» degan nom xotira boʻlib qolgan-ku? Yo Rab, bu ne koʻrgulik? Dukchi eshonni bilarsan balki?»

«Maktabda oʻqiganmiz. Odamlarni aldab boyigan kishi ekan».

«Astagʻfirulloh! Eshon hazratlarining niyatlari koʻkrak suti kabi pokiza edi. Vatanni ozod etmoqni niyat qilib edilar. Jannatmakon bobom hazrat eshonning muridlari boʻlgan ekanlar. Ularning isyonini eshitganmisan?»

«Oʻqiganmiz. Uch-toʻrt soatda bostirilgan ekan».

«Nima uchun shu qadar tez bostirilgan? Oʻylab koʻrganmisan?»

«Biz oʻqituvchi oʻtgan darsga ishonamiz. Oʻylamaymiz».

«Yo millat, holingga voy! Sen bir oʻyla, boʻtam, Eshon hazratni fitna, igʻvo tuzogʻiga tushirganlar. Oʻruslar eshon hazratdan qoʻrqqanlar. Hazratning atrofiga odamlar tobora koʻp toʻplanaverganlar. Yana bir yil qoʻyib berilsa, Eshon hazrat gʻoyat katta kuchga ega boʻlur edilar. Agar jihod bir yil keyin boshlanganida bu yurtlarda oʻrusning urugʻi qurur edi. Bilib qoʻy: millatni xor qilgan oʻruslar emas, oʻzimizdan chiqqan xoinlar, igʻvogarlar. Hazratimni ham shular badnom qildilar. Bularsiz oʻrus hech nimaga erisha olmas edi. Igʻvogarlar turk sultonidan deb yolgʻon maktub toʻqidilar. Hazrat eshon bunga inonib bemavrid jihodga qoʻzgʻoldilar. Oʻzing oʻyla-chi, qurol-yarogʻsiz ham jihodga chiqadimi kishi? Bobomning yoʻllarini otam davom ettirdilar. Madaminbekka qoʻshilib ikki yil jang qildilar. Bunda ham oʻruslarga igʻvo ish berdi. Amiral-musliminning muborak boshlarini oʻz birodarlari uzishdi... Shundan soʻng yurtdan quvildik. Qashqarda makon topdik. Oʻrusning bolshevigi Qashqarga yetib keldi. Biz esa, bu yerlarga panoh izlab keldik. Endi oʻrus bu yerlarda urush qoʻzgʻadi. Koʻpchiligimiz tinchlik istagida Turkiyaga yoxud Saudiyga joʻnashdi. Men qoldim. Jihod istab qoldim. Oʻrusdan qachongacha qochamiz? Yo hayot, yo mamot! Seni duo qilaman boʻtam, yurtga omon-eson qaytib bor. Qaytib borginu jaholatda yumuq boʻlmish koʻzlaringni och! Doʻstlaringni ham uygʻot! Vatanda bevatan yashama. Vatan bogʻini quritma. Inson oʻz qoni ila sugʻorib boʻlsa-da, Vatan deb atalmish muazzam bogʻning qurimogʻiga yoʻl qoʻymasligi lozim, unutma! Millat xasta, oʻgʻlonlar esa tabibdurlar!»

Shu soʻzlarni ayta turib xuddi nafasi siqilganday chuqur tin olgan edi. Soʻng ovozini pastlatgani holda bir bayt oʻqib edi:

«Marizing bir tarafdin, bir tarafdin xorsan — millat,
Badandan doimo qon oldurar bemorsan — millat...»

Bolalikda she’r yodlashga uquvi durust boʻlgan Nuriddin bir eshitishdayoq bu baytni eslab qolgan, soʻng magʻzini chaqmoq uchun tez-tez takrorlashni odat qilgan edi.

Darbadarning tunlari uygʻotib behalavot qilgʻuvchi, savol alomati muhrlangan koʻzlari bilan shularni gaplashadi. Hibsxonadagi qisqa suhbat takrorlanaveradi.

Darbadar duo qildi. Lekin yurtga qaytish baxti Nuriddinga nasib etmadi. Bir qishloqqa hujum qilishganida chiday olmadi. Xonadondagi himoyasiz ayollar, bolalarni otayotgan sherigining boshiga qoʻndoq bilan urdi. Soʻng avtomatning barcha oʻqlarini uning koʻksiga boʻshatdi.

Darbadarning umidi jasadi bilan birgalikda koʻmildi — jaholat, gʻaflat uyqusidan uygʻonish, qullik tamgʻasidan qutulishi zarur boʻlgan yigit Sibiriyaning ovloq yerlarida qandaydir odamlarga choy damlab, xizmat qilib yuribdi. Oʻsha tun uygʻonib, Darbadarning koʻzlariga roʻpara boʻlganida shularni aytib:

«Siz gʻaflatdan uygʻon, dedingiz. Qanday uygʻonishni esa aytmadingiz».

«Xudo senga aql, zehn bergan. Oʻyla, yoʻlni top».

«Men bunaqa joylarda nima qilay endi?»

«Sen bu joylarda ozodlikning qadriga yetasan».

«Men bular bilan birga boʻlishni istamayman».

«Bularning millati yoʻq. Sen millatsiz odamlar bilan birga boʻlib, millatni qadrlashni oʻrganasan...»

Nuriddin odati boʻyicha Darbadarning koʻzlariga qarab koʻp savollar berdi. Lekin javob ololmadi. Chunki u Darbadarning koʻzi bilan emas, balki oʻzi bilan oʻzi gaplashardi. Uning ongi esa koʻp savollarga javob topmoqqa ojiz edi.

Aziz mehmon

Daraxt kesishga ijozat berilib, keraksiz zovur qazish barham topdi. Yer yuzasi qalin qor bilan qoplangan kezlarda kutilgan «aziz mehmon» — oʻgʻrilar olamida «Murik» degan yangi laqab olgan Slava Galiulin paydo boʻldi. Tengiz qish kunlari ham barakda biqib yotmay, tashqarida yoqilgan gulxan yaqinida oʻtirishni xushlar edi. Ayniqsa, qor boʻralab yogʻayotgan damda uzoq oʻtirardi. Bunday paytda baland togʻQ bagʻriga joylashgan ovuli yodiga tushib, yuragi ezilardi. Yelkalariga boʻrklarini tashlab olgan ovul oqsoqollari gulxan atrofida suhbat qurishardi. Ergashib chiqqan nabiralarni bobolari boʻrkka oʻrab olishardi. Bular orasida Tengiz ham boʻlardi. Ular xuddi xaltadan boshlarini chiqarib javdirayotgan kenguru bolalariga oʻxshab ketishardi. Bobolari ularni sovuqdan asramoqchi boʻlishardi. Ammo bolachalar «kenguru xaltasida» uzoq oʻtira olishmasdi. Tipirchilayverib, bobolarining jonlariga tegaverishgach, «ozodlik»ka chiqishardi. Qorda yugurib-yugurib, dumalab-dumalab oʻynashardi...

Qani oʻsha ozod onlar... Qani oʻsha mehrli bobolar... Qani ularning yomon shamollardan asraguvchi boʻrklari... Qani ona ovul...

Ana shu hislar bilan oʻtirganida kimdir gulxanga yaqinlasha boshladi. Ozod osmonlardan yayrab-oʻynoqlashib tushib, to bahorning issiq nafasiga qadar yastanib yotmoqni niyat qilgan qor ogʻir qadam yukiga dosh berolmay zorlanib gʻijirladi. Tengiz «kim ekan bu?» deb oʻgirilmadi. U «aziz mehmon»ning shu kezlari kelishini kutayotgan edi, ziyrak zehni bu safar ham pand bermadi.

«Aziz mehmon» ikki qadam narida toʻxtab ovoz berdi:
— Salom, Knyaz!

Tengiz salomga darrov alik olmadi. Qoʻlidagi kosov bilan gulxandagi oʻtinlarni titib qoʻygach, orqasiga oʻgirildi-da:
— Ha, Choʻmich, keldingmi, oʻtir, — dedi.

Tengizning oʻrnidan turmagani, koʻrishmagani, atrofida xira pashsha kabi har on gʻingʻillab gʻashiga teguvchi odamni koʻrganday ensasining qotishi sababsiz emas edi. «Murik»ning xoinligi xususidagi ma’lumot, garchi tekshirib, aniqlanmagan boʻlsa-da, unga iltifot koʻrgazmoqqa mutlaqo yoʻl bermasdi. Tengiz hech narsa bilmaganday uni iliq qarshilashi, gapni aylantirishi mumkin edi. Lekin buni istamadi. Chunki u ayyorlikka nisbatan togʻliklarga xos magʻrurlikni afzal bilardi.

Murik Tengizning sovuq muomalasidan ajablanmadi. Avvalo «knyaz» martabasidagi bu yigitning dovrugʻini eshitgani bilan oʻzini endi koʻrishi. Garchi «qonundagi oʻgʻri» degan maqomga Tengizdan avvalroq yetishgan boʻlsa-da, bu olamda yetarli darajada nom chiqara olmagan edi. Shunday ekan, dovruqli oʻgʻrining bu qadar bepisandligi, tabiiy bir hol boʻlmoQi aniq. Biroq Murik bu iltifotsizlik boisini yaxshi angladi. Qamoq lagerlarida maxsus topshiriq bilan yurgani oʻgʻrilar olamiga ma’lumligini, oʻziga «Murik» degan laqab taqalganini u bilar edi. Bu ishga rozilik berganidayoq oqibatni — oʻgʻrilar olamida la’natga uchramogʻi aniqligini hisobga olgan edi. Ammo tarozining boshqa pallasidagi oʻlja qarshisida bu la’nat arzirli gap emasdi. Ta’bir joiz boʻlsa, «qimor»ga juda katta boylik tikilgan edi. Murik nafs oldida ojiz qoldi — oʻzini toʻxtata olmay «yo oʻlaman, yo boyib ketaman», deb tavakkal qildi. «Ilohiy tuygʻular ruhga hayot berur, hayvoniy orzular hayvoniy hislarga quvvat berur», deganlaridek, yaxshilik koʻchasidan yurmagan bu odamning oʻzgacha qarorga kelmogʻi mumkin ham emasdi.

Murik Tengizning yelkasiga kaftini qoʻyib, goʻyo salomlashgan boʻldi-da, qarshisiga oʻtib, gʻoʻlacha ustiga oʻtirdi.

Tentiz qoʻlidagi kosov bilan gulxanni yana titib qoʻydi. Taqdirga tan berganicha ohista yonib ado boʻlayotgan oʻtinlar bu titkilashga dosh berolmay faryod chekkanday hisobsiz uchqunlar sachratdilar: goʻyo oʻlayotgan oʻtinlarning bezovta ruhlari osmonga sapchiganday boʻldi. Bu hol uzoq davom etmay, alanga yana oʻtinlarni yamlab yutaverdi. Uning magʻrur tillari uchqunlarni quvalab yuqoriga intildi. Ammo oʻchgan uchqunlarning izlarini topolmay toʻlgʻondi.

Bir olamning ikki fuqarosi orasida gulxan ana shunday hunar koʻrsatmoqda edi. Tengiz kutilgan mehmonga qattiq tikildi. Murik esa bu nigohni sezmaganday xotirjam oʻtirdi. Tengiz undan koʻzlarini uzmagan holda umrini yashab boʻlgan oʻtin choʻgʻlari ostidan kartoshkani kosovda tortib oldi-da, Murik tomon surdi. Bittasini oʻzi tomon tortdi. Choʻgʻda pishib yetilgan kartoshkalar poʻstlari archilib, yeb ado qilinguncha gap soʻz boʻlmadi. Tashqaridan kuzatgan kishi bularning birdan-bir maqsadi gulxanda isinib, kartoshka yeyishdan iborat deb oʻylashi mumkin edi.
— Choʻmich, — dedi nihoyat Tengiz, — sen katta ishlar qilib yurgan odam eding. Uyni urishga urib, royalda oʻynaganingga1 hayronman.
— Atay qildim bu ishni, — dedi Murik xotirjam tarzda. — Oldinroq zoʻr bir ishni doʻndirib qoʻygan edim. «Ish» bosdi-bosdi boʻlgunicha ozgina sayohat qilib kela qolay, dedim. Bir xunasa bilmay turib gap tarqatib yuboribdi. Knyaz, sen aqlli odamsan, har qanaqa gaplarga ishonaverma. Men nomiga isnod keltiradigan qanjiqlardan emasman.
— Sen isnodga qolib boʻlgansan, Choʻmich.
— Bir xunasaning sassiq igʻvosi bilan isnodga qolaveramanmi?
— Xunasaning igʻvosi... degin. Yaxshi. Unda Gobelyan bilan nima uchun uchrashding? Sening ishing rayon prokuroridan nariga oʻtmaydigan edi. SSSR prokuraturasida nima qilib yuribsan?

Murik bu savoldan gangimadi. Biroq, javob qaytarishga ham shoshilmadi. Boshini egib, sovuqda eti junjikkanday boʻlib, kaftlarini gulxanga tutdi.
— Aytsam, ishonmaysan, — dedi u shu holatda. — Bir shilta ishga aralashtirmoqchi boʻlishdi.
— Qanaqa shilta ish ekan?
— Ikki yil oldin bir «tovuqqa» borib yurardim. Oʻshani oʻldirib ketishibdi.
— Qanaqasiga qutilding?
— Alibi! Oʻsha kuni men Chorjoʻyda edim. Qarindoshlarnikiga toʻyga boruvdim. Nafsim buzuqlik qilib koʻp yevoribman. Ichburuq boʻlib toʻrt kun kasalxonada yotdim.
— Gobelyan ishondimi shu bahonangga?
— Nega ishonmasin?
— Yo Gobelyan ahmoq, yo sen. Yoki... men.
— Nega... axir...
— Murikjan... — Tengiz bu soʻzni armani lahjasida, erkalash ohangida aytdi, — Murikjan... Sen aytgan shilta ish bilan MUR shugʻullanyapti. Gobelyanning ishi boshqa. Oʻzbekistonning tit-pitini chiqarib yurgan odam bir shilta ishni deb bir shilta oʻgʻri bilan konyak icharkanmi?
— Konyak ichganim yoʻq.
— Sen quloqqa lagʻmon osma, Murik. Sening taqdiring hal etilgan. Gobelyanning xonasidan chiqishing-da oʻzingga oʻzing hukm oʻqigansan. Agar yuragingda bir tomchigina halol oʻgʻrining qonidan qolgan boʻlsa ham hukmni oʻzing ijro etishing kerak. Oʻzingni oʻldirsang, yaxshi nom bilan ketasan. Biz oʻldirsak, «qanjiq» degan nom kafaning boʻladi. Boshqa yoʻling yoʻq, Murikjan.
— Knyaz, ikkita yoʻl bor joyda uchinchisi ham topiladi. Menga imkon ber.
— Gobelyan nima dedi senga?
— Bu gap ikkimizning oramizda qolishi kerak, knyaz. Bu juda nozik masala.
— Sen menga shart qoʻyma. Gap shu yerda qoladimi yo teletaypga qoʻyamanmi, oʻzim hal qilaman.
— Yaxshi, Knyaz. Men sening aqlingga ishonaman. Gobelyan avvaliga meni oʻsha shilta ish bilan qoʻrqitmoqi boʻldi, ishon. Keyin bir taklif aytdi. «Yaqinda katta «ov» boʻladi. Atrofingga ishonchli oʻgʻrilarni toʻpla. Agar shartimizga koʻnishsa, ham ozod boʻlishadi, ham boyib ketishadi. Vazifa qoyilmaqom qilib bajarilsa, to oʻlgunlaricha ularga tegmaymiz», dedi.
— Qanaqa vazifa? Qanaqa «ov»?
— Unisini aniq aytmadi. Gapining mazmuniga qaraganda «Ov» Oʻrta Osiyoda boʻlishi kerak. Vazifamiz — gʻalva chiqarib berish boʻladi. Qolganini oʻzlari eplashadi.
— Yaxshi vazifa olibsan... Demak, sen oʻgʻrilarni emas, qanjiqlarni toʻplashing kerak ekan. Sen meni qanjiq deb yurarmiding?
— Knyaz, unday dema. Sen men hurmat qiluvchi eng buyuk oʻgʻrilardan birisan. Ular bizga yaxshi ish taklif qilishdi. Evaziga umrbod erkinlik...
— Hukumatning har qanday ishiga yordam berish qanjiqlik ekanini unutibsan, Murik!
— Bu alohida bir imkoniyat, Knyaz. Oʻgʻrilar olamiga katta foyda keltiradi.
— Faqat isnod keltiradi.
— Yaxshi, knyaz. Men bu taklifni faqat senga aytdim. Agar sen buni qanjiqlik deb hisoblasang, mayli, men ham bu ishga qoʻl urmayman. Ikki yilni eplashtirib, tinchgina yuraveraman.
— Shunday qil: tinch yuraver, — Tengiz bu gapni aytib zaharli iljaydi.

Murik suhbat yakuniga yetganini anglab, oʻrnidan turib nari ketgach, Tengiz u oʻtirgan tomonga qarab tupurdi. Uning tupugi gulxanning olovli bagʻrini yorib oʻtolmadi — manzilga yetolmadi.

Gulxandan uzoqlashayotgan Murik «Knyazni ishontirdim», deb yengil tortib yanglishgan edi. Tengiz u oʻylagan darajada befahm emasdi. Gobelyanning asl maqsadi unga hozircha aniq boʻlmasa-da, Murikka «katta ov»ni va’da qilganiga ishonmadi. Ishonmasligiga bir qancha sabablar mavjud edi. Agar chindan ham «katta ov» boʻlsa, buni allaqanday «Choʻmich»ga qoʻyib bermaydi. Bu yoqda Arutyunan, Nersesyan, yana allaqancha nahang baliqlar turganida bu itbaliqqa balo bormi? Gobelyan oʻzining «yan»larini ishga solmadimi, demak, «ov» katta emas. Oʻmon nom chiqarishga arzimaydi. Bu birlamchi sabab. Ikkilamchisi — prokuratura janjal chiqarish bilan shugʻullanmaydi. Tengiz Murik bildirgan ishdan isqirt bir siyosat hidi anqiyotganini sezdi. Demak, Murik Gobelyandan tashqarida yana bir kishi bilan uchrashgan. «Ammo kim bilan, qaerda? Agar uch harflilarga aralashgan boʻlsa, ish jiddiy, — deb oʻyladi Tengiz. — «Ov» balki ularninn rejasidir? Unda Gobelyan nima degan bu qanjiqqa?» Muammo botqogʻiga botayotgan Tengiz kosovni jahl bilan bir-ikki gulxan bagʻriga sanchdi. Oʻtinlarni ohistagina yamlab yutayotgan gulxan alangasi norizo holda bir toʻlgʻondi-yu, yana yumushini davom ettiraverdi.

Mehmon uzoqlashgach, barakning darchasidan xojasini kuzatib oʻtirgan Pachoqburun oʻrnidan turdi-da, yelkasiga paxtaligini ilib, tashqariga chiqdi. Gulxan tomon borsammi, yo yoʻqmi, degan oʻyda bir necha nafas turdi-da, soʻng «biron amri bordir», degan oʻyda xojasi tomon yurdi.

Tengiz roʻparasidagi gʻoʻlachaga oʻtirgan Pachoqburunga bir qarab oldi-yu, indamadi. Gapirish oʻrniga amrni ijro etmoqni afzal biluvchi Pachoqburun bekorga qarab oʻtirmaganini bildirib qoʻyish uchun soʻz aytdi:
— Jmura1, — dedi u soʻng ovozini balandlatib qaytardi: — jmura! — soʻziga xojasi tomondan e’tibor boʻlmagach, qoʻshimcha qildi: — yelkanlarini poralab tashlash2 kerak.

Tengiz uning bu hukmini eshitib, unga oʻqrayib qaradi.
— Ogʻzingni yum!3 — Tengiz shunday deb chirt etib tupurdi-da, «Bikovatiy»4 deb mingʻirlab qoʻydi. Tengiz bu «unvonni» tez-tez ishlatardi. Ovoz chiqarib aytgan mahallari ham koʻp boʻlardi. Bu qamoq lageriga kelib, «taxt»ga oʻtirgan onida Pachoqburunni «xos navkarlik»ka tavsiya etayotgan Qoʻtos «oʻzi bikovatiy boʻlgani bilan ishimizga sadoqati zoʻr», deb ta’riflagan edi. Tengiz ta’rifning ikkinchi qismini qoʻyib, birinchi boʻlagiga e’tiborini qaratgan edi. Ba’zan shunday toʻnkaga roʻpara boʻlgani uchun taqdiridan nolib qolardi. Ammo tur desa turib, oʻldir, desa oʻldirib keluvchi odamning ong darajasi bundan ortiq boʻlmasligini bilgani uchun ham chidar edi.

Pachoqburunning hozir roʻparaga kelib oʻtirishi yoqmadi, gʻashiga tegdi.
— Sen juchoklarga tayinla, bundan uzoqroq yurishsin. Ammo har bir qadamini kuzatishsin. Aytib qoʻy, kim bunga yaqinlashsa, tramvayga qoʻyiladi.
— Xoʻp, — dedi Pachoqburun mutelik bilan.
— Gapimni eshitdingmi?! — dedi Tengiz zardali ohangda.
— Eshitdim. Hammasiga aytaman.
— Eshitgan boʻlsang, tuxum bosib oʻtirmay, tur oʻrningdan!

Pachoqburun kelib oʻtirgani xojasiga yoqmaganini anglab, oʻrnidan turdi-da, barak tomon yurdi. Ostona hatlay deganda orqadan ovoz keldi:
— Menga Hamzatni topib kel!

Amrga itoat etmoqqa odatlangan Pachoqburun ostona hatlamay, yelkasidagi paxtaligini kiydi-da, daraxt kesayotganlar tomon yurdi. Daraxt arralayotgan Nuriddinga yaqinlashib, odatiga xilof qilmagan tarzda «Bu yoqqa yur», deb toʻngʻilladi-yu, iziga qaytdi. U amrga soʻzsiz itoat etilmogʻiga ishongani uchun ham «kelyaptimikin?» degan xayolda orqasiga qarab ham qoʻymadi. Pachoqburunning kim ekanini yaxshi bilgan nazoratchi arrani qoʻyib, unga ergashgan Nuriddindan «qayoqqa ketyapsan?» deb soʻramadi ham.

Nuriddin gulxanga yaqinlashib, salom berdi. Tengiz salomga alik olgach, roʻparadagi gʻoʻlacha tomon imlab «oʻtir», dedi. Nuriddin oʻtirgach, kosovning uchi bilan choʻgʻni titib, orasidagi kartoshkani u tomon surdi. Bittasini oʻzi olib, sovutish uchun u kaftidan bu kaftiga otib oʻynadi.
— Musulmonlarning afzal tomoni nimada, bilasanmi? — deb soʻradi u kartoshka poʻstlogʻini archayotib.

Nuriddin «bilmayman, oʻzingiz ayta qoling», deganday unga qarab, yelka qisib qoʻydi.
— Afzalligi shundaki, musulmon hamisha boshqalarga yaxshilik tilaydi. Mana, sen menga sogʻlik tilab yaqinlashding. Men esam senga sihatlik bilan birga Ollohning rahmatini soʻradim. «Bu oʻgʻri bunaqa gaplarni qaerdan biladi?» deb hayron boʻlyapsanmi? Men bobomdan eshitganman bu gaplarni. Mening fojiam nimada, bilasanmi? Chin musulmon boʻla olmaganimda. Bobomning chizigʻidan chiqmaganimda bu yerda kartoshka yeb oʻtirmas edim.
— Endi afsuslanyapsizmi?
— Afsuslanishimdan foyda yoʻq. Bu ham dunyoning bir sinovi-da. Oʻlmasam yana Xudoni tanish yoʻliga oʻtarman. Lekin... unda kech boʻlib qolishi mumkin. Fir’avnni eshitganmisan?

Nuriddin «yoʻq» deb bosh chayqadi.
— Ha, eshitmagansan. Qadimda Misr podshosi boʻlgan. Oʻzini Xudo deb bilgan ekan. Oʻsha ahmoq Muso paygʻambarni quvib borayotganida suvga choʻkkan ekan. Oʻlayotib «boʻldi, Xudoni tanidim», deganida Xudo ham «Endi kech!» degan ekan. Bu juda kuchli falsafa, Hamzat! Hayotda kechikmaslik muhim, juda muhim!
— Kechikmaslik uchun hozirdan boshlasangiz-chi?
— Hozirdan? — Tengiz unga qarab jilmaydi: — Hozir yoʻl yoʻq... Hamzat, bir yangi odam keldi. Sen u bilan gaplashibsan. Kimligini bilasanmi?
— Yoʻq, oʻzi kelib gap boshladi.
— Nima deydi?
— «Bizlar musulmon farzandlarimiz, bir-birimizni qoʻllab-quvvatlaylik», dedi.
— Oʻsha toʻqqiz qaytgan endi musulmon boʻlib qolibdimi? Bilib qoʻy: u bir maraz! Undan nariroq yur. Ammo harakatini koʻzdan qochirma.
— Kim oʻzi u?
— Vaqti kelsa bilib olasan. — Tengiz shunday deb oʻrnidan turdi-da, barak tomon yurdi. Nuriddin esa iziga qaytdi.

Osmon uzoq

Bu odamning gaplari Tursunaliga moydek yoqdi.

«Men qamalaverib pishib ketganman. Senda musulmanin, menda musulmanin. Bir-birimizni suyab yurmasak, bu haromilar bizni yebda yuborishadi. Zemlyak, yaxshi odamligingni qora koʻzlaring aytib turibdi. Uncha-muncha odamga soʻzimni oʻtkaza olaman, qamoqlarning tuprogʻini bekorga yalamaganman. Sen menga suyanaver...» Bunaqa yoqimli gaplarni oʻziga yaqin olib yurgan Nuriddindan ham eshitmagan edi. «Koʻzlari sovuq boʻlsa ham Xudo koʻngliga yaxshilik solibdi. Xudo mening rahmimni yeganga oʻxshaydi», deb oʻyladi u. Qamoqxonalar tuprogʻini yalayverib toʻyib ketgan bu «mehribon»ning koʻngli nima uchun iyib ketganini u yana uch-toʻrt kundan keyin biladi. Hozir esa... Xudoga shukur qiladi. «Xudo tavbamni qabul etdi», deb koʻngli taskin topadi. U qoʻllariga kishan solingandan boshlab Xudoni tildan qoʻymaydi. Dam tavba, dam munojot qiladi. «Gunohim boʻlsa kechir», deydi. Ha, aynan shu soʻzlar uchadi tilidan. «Yo yaratgan Egam, men gunohkor bandangman, bilib-bilmay qilgan gunohlarimni kechir», demaydi. «Gunohim boʻlsa kechir», deydi. Harom-xarish yurib, yeb-ichganlarini gunoh emas, odatiy yashash tarzi deb biladi. Zino qilayotgan paytda Xudoni eslamagan edi. Qoʻllariga kishan tushishi bilan yodga oldi. «Shayton vasvasalaridan qutqar» deb soʻramagan edi, «qamoqdan qutqarib ol» deb nolalar qildi. Birovlarning haqqini yeganida bu dunyoning hisob-kitobli ekanini unutgan edi, qamoq zindonida xotirladi. «Nafs balolaridan qutqar» deb soʻramagan edi, «zindon azoblaridan qutqar», deb faryodlar qildi. Yemoqning qusmogʻi borligini bilmaganday yurdi, tepki zarbidan qayt qilganida bu haqiqatni anglaganday boʻldi. «Nafsimni oʻldir», deb soʻramagan edi, «oʻzimni oʻldirma», deb tavallolar qildi.

Bandaning holi shu: goʻyo u yoki bu ishning gunoh ekanini bilmaganday yuraveradi. Boshi devorga urilib, zarba tufayli koʻzlaridan uchqunlar sachraganida Tangrini eslaydi. Soʻng «gunohlarim boʻlsa kechir», deydi. Shunday degani ham katta gap. Ba’zan «E Xudoyim, qaysi gunohlarim uchun meni bunchalik qiynaysan?» deb zorlanib ham qoʻyadi. «Haromdan saqlansam edim, nafsimni tiya olsam edim, bunchalar xorlikka yoʻliqmas edim», deb oʻzini ayblamaydi. Bil’aks, «Falonchi mendan koʻproq yegan edi, begona toʻshaklarni mendan koʻra koʻproq gullatgan edi. U yallo qilib yuribdi, men esam bunda horman», deb Xudoni adolatsizlikda ayblab ham qoʻyadi. Har bir odam oʻz amalining asiri ekaniga esa fahmi yetmaydi.

Dunyo bamisli birdaniga koʻkarib tezda qurigan dalaga oʻxshashini, ehtiyotsizlik qilinsa bu manzara kishini aldab qoʻyajagini, aldangach esa, bir kuni hayoti sargʻayib soʻla boshlagach, ma’yus va gʻamgin boʻlajagini anglamaydi. Dunyoni fohishaning quchogʻiday totli deb oʻylaydi. Dunyoning botqoq yuzasini qoplagan oʻtloqqa oʻxshashini, oʻylamay tashlangan har bir qadam bot-qoqqa botirajagi mumkinligini fahm etmaydi.

Tursunali shunday bandalardan biri. U marhamat soʻrab Xudoga koʻp yolboradi. Ammo iymon kalimasi bilan yumshamagan tildan uchgan bu yolborishlar qabul boʻlarmikin, vallohi a’lam?! Insonlarni salomatga, saodatga erishtiruvchi yagona narsa iymondir. Bani Odam har qanday yomonlikni faqat iymon bilangina yengajagini va har bir zafarga faqat iymon bilan erishajagini anglab yetmoq shu qadar mushkulmi? Dunyo toʻplashga yetgan aql bu haqiqatni tushunishga kelganda qosirlik qilarmi? Yoki buni fahm eta olmaslikka qalblarning muhrlangani sababmi ekan?

Tursunali bir muttahamning aldov soʻzlariga mahliyo boʻlib «Xudo menga marhamat qildi», deb oʻtiribdi. Nodon banda bilmaydiki, bu odamning roʻpara boʻlgani — gunohlariga yarasha va’da qilingan ajrlarning davomidir. «Gunohim nima edi?» deb yanada battar yigʻlatadigan daqiqalarning debochasidir.

Tangrining marhamatiga erishmoq oson edi. Nafsni tiymoqqa kuch topsa, sabr eta olsa, kunni shukr bilan oʻtkazsa bas edi. Bu unga ogʻir tuyulib, yanada mashaqqatliroq, azob oroliga yetaklovchi yoʻlni tanladi. Hamonki shu orol nasib etgan ekan, oʻzi pishirgan oshni ichmoqdan oʻzga chorasi yoʻqdir!

Tursunali Murikning shirin soʻzlariga mast boʻlib oʻtirganida pastdagi karavotda yotuvchi «qoʻshni»si bexosdan «Ablah, maraz!» deb qichqirib yubordi. Soʻng qoʻlidagi maktubni pora-pora qilib yirtdi. Keyin esa duch kelgan narsani tortqilab, irgʻitaverdi. Bunga ham qanoat qilmay karavotni mahkam changallaganicha silkita boshladi. Atrofdagilar «hay-hay»lab ushlab qolishmaganida Tursunalining tepadan yerga qulashi aniq edi.

Chorasiz odam joyiga oʻtirib yiQlay boshladi. Dunyodagi eng ayanchli narsa balki erkakning yigʻlashidir. Qamoq lagerlarida esa tez-tez uchrab turgani uchunmi ayanchli tuyulmaydi. Kunduzlari butalar panasida, tunlari esa yostiqqa hasratlarini toʻkkan tarzda yigʻlash odatiy hol. Lekin bu chorasiz odam kabi hoʻngrab, yelkalari silkinish darajasi yigʻlamoq kamyob hodisa. Shu sababli ham «Nima boʻldi, nega dodlayapsan?» deb soʻraguvchilar topildi. Chorasiz odam avvaliga qoʻl siltab qoʻyib javob bermadi. Dam oʻtmay koʻz yoshi daryosi qurib, hasrat dengizi esa tosha boshlagach, dardini aytdi:
— Xotinim mendan ajralishibdi. Ablah, iflos! Axir men uni sevardim. Men uni deb oʻtiribman bu yerda. Odamni men bosmaganman. Rulda uning padarla’nati ukasi edi. Mashinamni yashirincha olib chiqqan ekan, hayvon! Xotinim «yolgʻiz ukamni qutqarib qoling», deb yalinsa, men laqma boʻynimga olib oʻtiribman.
— Ukasi yolgʻizmidi?

Chorasiz odamning talvasasini ensasi qotgan tarzda kuzatayotgan Qoʻtos shunday deb unga yaqinlashdi.
— Ha, bittagina ukasi bor edi.
— Eri-chi? Eri nechta edi?
— Tushunmadim, oʻrtoq, bu nima deganingiz?
— Ukasi bitta, ammo eri bitta emas ekan, demoqchiman.
— Unday demang, biz bir-birimizni sevar edik.
— Burningni art! He, mishiqi! — Qoʻtos shunday deb hech bir kutilmaganda tarsaki tortib yubordi. Zarbning zoʻridan chorasiz odam yonboshlab qoldi. Tarsakidan qanoatlanmagan Qoʻtos unga qarab tupurdi.
— Sen ham erkakman, deb yuribsanmi? Bir-birini sevar emish! Bilib qoʻy, «sevgilim!» deb quchoqlaganida xayolida sen emas, ketvorgan oʻynashi turadi. Hezalak! Xotinlarni senga oʻxshagan hezalaklar buzadi. Eplash qoʻllaringdan kelmasa nima qilasanlar uylanib?! Shu hollaringga yana koʻngillaring begonalarni ham tusaydi. Sen ham borarmiding begonaga? — Yuzini silab oʻtirgan chorasiz odam indamadi. — Borarding. Begona bilan oʻpishayotganingda xotinchang ham begona bilan ayshini surardi. Senlarning hayoting mana shunaqa axlat. Xotining seni qoʻygan boʻlsa nima boʻpti? Bu yerda oʻlib ketmasang, chiqib, boshqasini topasan. Yuzta er koʻrib toʻymagan shilta bir ishvasi bilan koʻzingga qizdek koʻrinadiyu, tamom, unga uylanasan. Bir-birlaringni sevib yuraverasanlar. — Qoʻtos shunday deb chorasiz odamning oyogʻiga tepdi-da, soʻkinganicha nari ketdi. Soliqni vaqtida toʻlamagan mahbusning masalasini hal qilishga kirgan Qoʻtos ishni pishitib, chiqib ketgunicha birov lom-mim demadi.

Bu yerdagi bema’niliklarga, bekordan bekorga soʻkishlaru urishlarga koʻnikib qolgan Tursunali chorasiz odamning kaltaklangani boisini tushunmadi. Har qanday sharoitda ham oʻzini chetga olish tinch hayotini ta’minlayajagini anglab yetgan Tursunali yana joyiga chiqib yonboshladi. Chorasiz odam esa yigʻlamasirab, oʻzicha bir nimalar deb oʻtiraverdi. Unga dardkash topilmadi. Olam-olam dardni yelkalarida ortmoqlab yurgan odamlarga begona dardning hojati bor ekanmi? Shular kabi Tursunali ham oʻz dardining asiri edi. Hozirgi voqea sabab boʻlib, koʻz oldiga xotini keldi. Shu paytga qadar «xotinim men bilan ajralishi mumkin», degan fikr xayoliga kelmagan edi. Odatda er xotinni qoʻyguvchi edi. Xotin «javobimni bering», deb soʻraguvchi, er janoblari esa hushlariga kelsa taloq xatini berguvchi edilar. Ajib zamonning ajib qonunlarini qarangki, endi xotin erni qoʻyadigan boʻlibdi. Yana «qamoqdagi erimni qoʻydim», desa qonun ham «xoʻp» deyaverar ekan. Tursunali shunisiga besh ketmadi. Hozir kaftlarini bolish qilib shiftga tikilib yotar ekan, «Bitta ahmoqning gapiga kirib Matluba ham ajralishsa-ya?!» degan fikr xayoliga urilib dahshatdan sapchib ketayozdi. Davrini surib yurgan kezlarida xotini «javobimni bering» deb qolsa, koʻp ham tarang qilmagan boʻlardi. Matluba ba’zan nolib qolsa «Chidasang shu, chidamasang toʻrt tomoning Toshkent» deb ajralishga sha’ma qilardi. Hozir esa «ajralish» degan soʻz uni dahshatga soldi. «Yoʻq, ajrashadigan boʻlsa oʻynash bilan tutganida tashlab ketardi. U meni yaxshi koʻradi», deb oʻziga oʻzi tasalli berdi. «Yaxshi koʻrardi...» — «Biz bir-birimizni sevardik...» — «Bilib qoʻy, «sevgilim!» deb quchoqlaganingda xayolida sen emas, ketvorgan oʻynashi turadi!...» — «Begona bilan oʻpishayotganingda xotinchang ham begona bilan ayshini suradi...»

Bu gaplarni eslab Tursunalining yuragi uvishdi. Shu paytga qadar xotini begona erkak bilan don olishmogʻi mumkinligini oʻylab ham koʻrmagan edi. «U ham tirik jon, unda ham nafs bor. Shayton uni ham vasvasaga soladi», degan fikrdan uzoq edi. «Oʻynash bilan nafsni qondirish erkakka yarashadi. Xotin oʻz eriga sadoqatli boʻlmogʻi shart!» — Tursunalining bu sohadagi falsafasi shundan iborat. U oʻzining buzuqligini xiyonat deb hisoblamagan, agar birov unga «bu qiligʻing oila deb atalmish oppoq, pokiza dasturxon ustida balchiqqa botgan oyoqlar bilan yurishdir», desa zaharli jilmayib «Bu yigit uchun ayb emas, yigit kishiga qirqta xotin oz», deb qoʻygan boʻlardi. Agar oʻsha odam «Bir juvonga qirq erkak oz», desami, «Jinni ekansan!» deb soʻkib berishi aniq edi.

«Begona bilan oʻynashayotganingda xotinchang ham...»

«Yoʻq, — dedi Tursunali oʻziga oʻzi, — Matluba bunaqa haromdan hazar qiladi...»

«Harommi bu ish? Sen oʻzing nima uchun hazar qilmading?»

Kimdir shunday deb qulogʻi ostida pichirlaganday boʻldi.

Gʻoyibdan berilgan bu savolga javob qaytara olmadi. Chunki haromdan nima uchun hazar qilmaganini oʻzi ham bilmas edi. Shaharga tushgan kezlari maishat qilgan damlarida koʻz suzib turuvchi ofatijonlar ustidan pul sochgan onlarida bularning fohisha ekanini, kechagina yoki bir soatgina muqaddam boshqa bir erkak koʻnglini ovlaganini, ertaga yoki bir necha soatdan soʻng bu ahvol takrorlanayajagini, unga «jonginam» deb choʻchchayayotgan lablar oʻnlab yoki yuzlab erkakka ishva qilgani va qilajagini oʻylamas edi. Nafsni qondirishdan oʻzga narsani bilmasdi. To zahmga chalinguniga qadar pala-partish yurdi. Soʻng tanlaydigan boʻldi. Tanlagani qursin! Pul evaziga oʻzini sotuvchi ayolning yaxshi-yomoni, tozasiyu iflosi boʻlarkanmi?! Oq it bilan qora itning farqi boʻlmaganidek, bularda farq yoʻqligi, barchasi «fohisha», «buzuq», «shilta»... kabi «unvon»lar bilan xorlanishini uning oqsoq fahmi idrok qila olmas edi.

Ishtoni yoʻqning hadigi choʻpdan, deganlaridek, oʻzi botqoqqa botgani holda, pokiza odamning etagi loy emasmikin, deb gumonsirashi qiziq. «Yoʻq, begonaga yaqinlashmoqqa haqqi yoʻq!» deb hukm chiqarmogʻi undanda qiziq. Uyidagi pokiza toʻshakka oʻynashini boshlashdan hazar qilmagan odam «haromdan hazar qilish» xususida oʻylagani yanada qiziqroq.

Xotinining koʻrpa-toʻshaklarni kuydirib tashlaganini bilib, «bunaqa ahmoq xotin dunyoda yagona boʻlsa kerak», deb oʻylagan edi. Hozir oʻsha voqeani eslab, yuragi uvishdi. «Bu mallavoyning xotini boshqa. Matluba haromdan hazar qiladi», degan fikri qat’iylashdi. Sogʻingan qalbiga bir iliqlik yugurgiladi. Ammo... bu qalbning toʻri Nafisaga boʻshatib berilgan edi. Manfiy va musbat bulut parchalari yaqinlashganida yashin chaqnagani misol yuragi bir sanchdi. Haromga oʻrgangan koʻngil pokiza hislarga oʻrin bermoqni ixtiyor qilmadi. Nafs tarozisining Nafisa turgan pallasi bosib ketaverdi.

Koʻtosning hozirgi gapiga qadar xotinini gumon qilmagan, birovdan qizgʻanmagan edi. Biroq... Nafisani qizgʻanardi. Uni doʻstiga «oshirib» yuborganidan keyin, hatto oshnasidan ham qizgʻanadigan boʻldi. Samandar ogʻushida ishva qilayotgan Nafisa koʻz oldiga kelsa badaniga muz yugurardi.

Raykom taxtini egallash uchun yoʻl ochilganida «oʻynash haqidagi ma’lumot toʻgʻanoq boʻlishi mumkin», degan ogohlantirishdan soʻng Nafisani doʻstiga «uzatgan» edi. «Gilam sotsang qoʻshningga sot, bir chekkasida oʻzing oʻtirasan», deganlari shu-da! Xotindan kuygan Samandar xotinidan ajrashib doʻstiga arzi hol qilganida Tursunali qulay fursat kelganini fahmlab, kayfi oshib chuldirab qolgan oshnasiga Nafisani roʻpara qildi. Nafisa yigʻladi, tarang qildi, soʻng tayinli bir erga, yana toʻgʻri Moskva bilan gaplashadigan olim erga ega boʻlishini anglagach, koʻndi. Samandar ertalab bir qizning «qizlik nomusiga» tegib qoʻyganini bilib, qoʻrqib ketdi. Qoʻrqitishmasa ham bu goʻzal juvonga uylanishga jon-jon deb koʻnaverardi. Xullas, «gilam qoʻshniga sotildi», «bir chekkasida rohat ila oʻtirmoq» esa davom etdi. Biroq, «gilam egasi nima uchun gilamda oʻtiradi?» degan hasad qalbini yondiraverdi. Aslida «gilamni» sotmasa ham boʻlarkan. Raykomga olib boradi, deb faraz qilingan yoʻl aldamchi ekan, chiroyli jilva qilayotgan bu yoʻl birdan qorongʻulashdi-yu, taxtga emas, zindonga roʻpara qildi...

Bitta qozonda ikki qoʻchqorning kallasi qaynamaydi, deganlari balki mubolagʻadir. Qozon katta boʻlsa oʻnta kalla ham qaynar. Ammo bitta yurak ikki ayolga bir xilda mehr-muhabbat bera olmasligi aniq. U qalbini xotini Matlubaga toʻliq boʻshatib berishni istasa ham, haromlik bulogʻidan suv ichishga koʻnikkan nafs talvasaga tushib, Nafisani unutishga yoʻl qoʻymaydi. «Matlubadan nima koʻrding? Toʻgʻri, avvaliga totli edi, keyin chaynab tashlangan turshakning oʻzi boʻldi-qoldi. Egov emasmidi u? Har kuni umrni egovlamas edimi? — der edi nafs balosi. — Nafisa-chi? Bu dunyoning lazzatini kim berdi? Nafisa! Nafisa bor joyda jannatni orzu qilishning oʻzi kulgili emasmi? Mingta Matlubani toʻplasang bittagina Nafisaning toʻshakdagi toʻlgʻonishiga yetmaydi...» Shundan soʻng koʻzlarini yumib, oʻzini Nafisaning quchogʻida koʻrardi. Hammasini unutardi: ahli ayoli, farzandlarini ham, Xudoning balolariga uchraganini ham, bundagi azoblarni ham...

Shunday boʻlib kelgan edi. Hozir, xotinidan tiriklayin ajralib piqillab oʻtirgan notavonning alamli nolasi uni sergak torttirdi.

«Bu azoblardan qutulib borgach, seni kutib oladigan kim? Matluba! Bolalaring!.. Sen ulardan boshqa yana kimga keraksan? Hech kimga! Qariganingda shular asqotadi. Senga bir burda nonni shu farzandlar beradi. Oʻlganingda shular olib borib koʻmadi. Sendan boshqa er boʻlganida sabr-toqati uchun Matlubaga haykal qoʻyardi...» Nafs pinakka ketgan paytlarda ojiz vijdonning pichirlab aytgan bu soʻzlarni endi sal quvvatga kirgandek boʻldi. Ammo falakning gardishi bir aylanib, «Mulla Tursunali, biz xato qilibmiz. Siz aybsiz ekansiz, ozodsiz», deyilsami, qanot chiqarib uyga uchardi. Uchardiyu... ikki-uch haftada yana nafs qurgʻur Nafisasi sari yetaklab borarmidi...

«Ey Odam farzandi! Men Allohdurman. Bandalarni oʻz qudratim bilan yaratdim, bas, kimlargadir yaxshilikni iroda qilib yaxshi xulqni berib qoʻyaman. Kimlargadir yomonlik boʻlishni iroda qilsam, unga yomon xulqni beraman»,1 deyiluvi besabab emas. Ammo Odam bolasiga tugʻilganidayoq yomon xulq berilmas, vallohi a’lam. Bu hol shaytonga maylini berganlargagina nasib etguvchi. Derlarkim, agar Odam bolasi uchun ish ulugʻ martaba, ish haqi esa arzimas darajada boʻlsa, uning oliy janobi mehnatdir, aniqroq bayon etilsa bu mehnatni yaratguvchisi Tangridir. Agarchi U uchun ish ikkinchi yoki quyiroq darajada, ish haqi esa muhimroq yoki oliyroq martabada ekan, demak U ish haqining qulidir. Ish haqining xojasi esa shayton ekan, shaytonlarning ham eng tubani ekan. Yoshlik choqlaridayoq ana shu eng tuban shaytonga muhabbat qoʻygan Tursunaliga yana qandayin xulq nasib etmogʻi mumkin edi? Zulmning har turidan totib koʻrayotgan bandaga bu haqiqatni anglamogʻi uchun yana qancha muhlat kerak, yana qancha sinovlar darkor?

«Xotinim menga vafo qilarmi yoki yoʻqmi?» degan xavotir bilan uyquga ketgan Tursunalini yana bir zulm oʻz quchogʻiga olmoqqa hozirlanar edi.

«Sen-da musulmanin, men-da musilmanin...» degan gaplari bilan Tursunalining mehrini qozongan «mehribon» tushlik chogʻida unga yaqinlashdi. Kulimsirab kelayotgan Murikni Tursunali oʻrnidan turib qarshi oldi. Zamonning hukmini qarangki, ilgarilari faqatgina oʻzidan ustunlar bilangina oʻrnidan turib salomlashadigan, yuqori lavozimdagilar telefon qilishadigan boʻlishsa, ovozlarini eshitiboq oʻrnidan tura qulluq qilganicha gaplashadigan odam endi bir tuban oʻgʻridan ehtiromini darigʻ tutmasa...

Tursunalini yelkasidan quchgan Murik «Zemlyak, ahvollar nichuk? Orqamdan yur, muhim gap bor», deb pichirlab, atrofga alanglab olgach, butazor tomon boshladi. Tursunali ham beixtiyor ravishda alanglab qoʻyib, unga ergashdi. Qor bosgan butazorda yurish ogʻir edi. Shunday boʻlsa ham Tursunali takaning izidan boruvchi nodon qoʻy singari ergashaverdi. «Gapingni shu yerda aytaver», demadi. «Tengiz eplay olmayotgan ishni balki shu qoyillatar, meni oshxonaga joylab qoʻyar», degan umidli oʻy boʻyniga sirtmoq boʻlib tushgan, sirtmoq uchini esa Murikning qoʻliga tutgan edi.

Murik kutilmaganda toʻxtab, orqasiga oʻgirildi.
— Qalay, zemlyak, qizishib oldingmi? — dedi u tirjayib.
— Ha... endi... — dedi Tursunali nima deyishni bilmay.
— Sen zolotoy odamga oʻxshaysan, zemlyak, seni bik yaxshi koʻrib qoldim. — Murik shunday deb otini erkalagan chavandoz kabi Tursunalining yuziga yengil shapatiladi.

Bu qiliq Tursunaliga erish tuyulib tisarildi.
— Zemlyak, sen zolotoy odam ekansan, — deb takrorladi Murik unga qattiq tikilib. — Sening yordaming kerak. Agar yordam qilmasang bir odam xor boʻlib oʻlib ketishi mumkin.
— Men... kimga.. qanday yordam qilishim mumkin?— deb ajablandi Tursunali.
— Arzimas yordam... toʻrtta yoki beshtagina soʻz aytsang kifoya.
— Qanaqa soʻz?
— Qanday soʻz deysanmi? — Murik shunday deb uning yuziga yana yengil shapati urdi. Bu safar Tursunali orqasiga tisarilishga ulgurmadi. Shapatilagan panja uni kekirdagidan oldi. — Zemlyak, mening bir oshnamga pul kerak. Boʻlmasa oʻladi.
— Menda pul yoʻq, — dedi Tursunali uning qoʻliga yopishib. Shu onda Murik tizzasi bilan uning nozik yeriga tepib, bukchaytirib qoʻydi. Soʻng ixranayotgan oʻljasining oʻziga kelishini kutib, sigaret tutatdi. — Zemlyak, bu yerda puling yoʻqligini bilaman. Ammo uyingda ancha puling qolgan. Berkitgan yeringni shu paytgacha oʻzingdan boshqa hech kim bilmas edi. Endi bu sirga ikkalamiz egalik qilamiz. Men oʻgʻil bolacha ish tutaman: hammasini olmayman, yarmisi oʻzingga qoladi. Oʻzingni qiynamay qaerga yashirganingni ayt. Hozir bilmasdan tizzam tegib ketdi. Bilib tepsam, yomonroq boʻladi. Qani, ayta qol.
— Nimani?

Bu savol Murikka yoqmay, bir soʻkindi-da yana kekirdakdan oldi. Tizza zarbidan hali oʻziga kelolma-yotgan Tursunali xirilladi, rangi oqara boshladi. Murik uning ahvolini sezib, kekirdagini qoʻyib yubordi-da, yuzini siladi:
— Sen zolotoy odamsan, zemlyak. Bilib qoʻy, shu paytgacha hech kim mening bir gapimni ikki qilmagan. Men sening izingdan shu yergacha keldim. Ahmoq boʻlib qaytib ketmayman. Sen esa... yo pullaringni qayga berkitganingni aytasan yoki bahorgacha shu yerda yotasan. Omadli odam boʻlsang, bahorda suyaklaringni yigʻishtirib olib koʻmishar. Xudoning qargʻishiga uchragan boʻlsang sen xunasaga shu ham nasib etmaydi. Qani, yechin.
— Nega?
— Negaligini keyin bilasan.

Tursunali yalangʻoch holda muzlab oʻlishni tasavvur qilib, dahshatdan titrab ketdi.
— Aytaman, — dedi u jon talvasasidagi odamning ovozi bilan.
— Zolotoy odamsan demadimmi?! Seni oʻldirish hayf. Qani, ayt.
— Qishloqda...
— Faqat «molxona tagiga koʻmilgan», dema. U yer kavlab tashlangan.

Bu gapni eshitib Tursunali hayratdan qotib qoldi. «Qayoqdan biladi?» deb oʻyladi. Qoʻliga kishan urilgan dastlabki kunlarda, dastlabki soʻroqlarda shunday deb aldagan, soʻng buning evaziga rosa tepki yegan edi. Oʻlim xavotirida turgan Tursunali hozir shuni esladi. Ammo «bu oʻshalarning sherigimi?» degan gumonga bormadi. Molxonani aytishga ogʻiz juftlagan Tursunali uchun bu ogohlantirshi durust boʻldi.
— Hojatxonada ham dema, u yerni titadigan ahmoq yoʻq. Boʻl, ayt. Bilib qoʻy: aldasang, it koʻrmagan azoblarda oʻlasan. Bu — bir. Urugʻing bilan quriysan, bu — ikki. Tushundingmi? Bolalaring ham oʻzingga oʻxshab oʻladi. Oʻzing bittagina bola boʻlgan ekansan. Sendan oʻsha bittasi ham qolmaydi.

Oʻlim talvasasi, ayni choqda najot umididagi Tursunalining koʻz oldiga Tengiz keldi. «Nima qilib boʻlsa ham oʻshanga yetib olsam boʻldi», degan xayolda yana bir marta aldashga qaror qildi. Bu holda ham nafs gʻolib chiqdi. Oʻzining joni emas, hatto bolalarining joni emas, berkitilgan boyligini saqlab qolish ilinji ustun keldi.
— Hozir aytaman, — dedi Tursunali unga najot nazari bilan boqib.
— Aytasan, aytmay qayoqqa ham borarding. Sen bilan biz musulmaninmiz, zemlyak. Bir-birimizni suyab-qoʻllamasak, xor boʻlib oʻlib ketamiz. Boylik yoʻq boʻlib ketadigan narsa. Sen bu yerlardan chiqib borguningcha berkitgan pullaring chirib ado boʻladi. Erta-indin Gorbach pulni almashtirsa bundan battar boʻladi. Sen zolotoy ekansan, zemlyak. Toʻgʻri yoʻlni tanlading: puling ham chirimaydi, oʻzing ham bu yerlarda chirib qolib ketmaysan. Uyingga soppa-sogʻ kirib borasan. Pul degani nima, bilasanmi? — Murik shunday deb Tursun-alining bilagidan ushladi-da, kaftiga sigaret kulini qoqdi. Soʻng puflab, bu kulni toʻzitdi. — Tushundingmi, zemlyak? Endi oʻzingga kelib olgandirsan, a? Boʻla qol, tarang qilmay, ayt.

«Buning orqasidan ergashib kelganimni Tengizning odamlari koʻrmadimikin? Yordamga kelib qolishmasmikin?» degan ilinjdagi Tursunalining atrofga javdirashini koʻrgan Murik zaharli tarzda tirjaydi. U mamnun edi. Murik turli joylarda, turli holatlarda, turli boylardan pul undirgan, lekin bunaqangi vaziyat, bunaqangi odamga birinchi duch kelishi edi. Shu paytgacha hech kim birgina tepki zarbidan bunday hiqillab qolmagan edi. Kievga «gastrol»ga borganida Abramovich degan ziqnani toʻrt kechayu toʻrt kunduz temir quvurga kishanlab, och qoldirib, tepkilaganda ham aytmagan, toʻrt kecha-kunduz najot kutib yashagan. Beshinchi kuni oʻlib ketishiga koʻzi yetgach, aytgan edi. Bu odamga esa birgina tepki kifoya qildi. «Bulardan qaysi biri aqlliroq? — deb oʻyladi Murik, soʻng oʻz qarichi bilan hukm qildi: — Shunisi aqlli. Qiynalib jon bergandan koʻra, boylikni osongina berib qoʻya qolgani durust...»

Murik «Pul qoʻlning kiri, pul chiriydi, pulni Gorbach almashtiradi...» deb oʻljasining koʻngliga gʻashlik solganday edi. Agar berkitilgan boylik qogʻoz puldan iborat boʻlganida Tursunali bu qadar talvasaga tushmasmi edi. «Oʻgʻilbolacha ish qilaman, yarmini olaman», deydi. Tillayu javohir, duru gavharni koʻrganda kim yarmiga qanoat qilar ekan? Tursunalini ayblash balki nooʻrindir: boylikni peshona teri bilan topmagan boʻlsa-da, tillayu javohirning jilosi yurak tomirlariga koʻz ilgʻamas nurlar bilan ulangan edi.
— Endi haddingdan oshma, — dedi Murik unga tarsaki tushirib. — Zolotoy odam yaxshi gapning chegarasini bilishi kerak.
— Yertoʻlada... toʻsinlarning beliga qoʻyilgan yettita ustun bor. Oʻrtadagi ustunning tagida... — Tursunali shunday deb yutinib qoʻydi-da, qassob qarshisidagi qoʻzichoq holatida Murikka moʻltillab qaradi. «Qassob» esa «hozir soʻyayinmi yoki yana picha semirishini kutayinmi?» degan kabi unga tikildi. Soʻng bir qarorga kelib, choʻntagidan buklama pichoq chiqardi-da, tugmasini bosdi. «Aytdimu qutuldim, jonim foydaga qoldi», deb koʻngliga xotirjamlik oralayotgan Tursun-ali pichoqni koʻrib, qoʻrqib ketdi.
— Yechin, — deb buyurdi Murik, sovuq ohangda.
— Aytdim-ku! — dedi Tursunali jon holatda.
— Shu gapingga ishonadigan ahmoqqa oʻxshaymanmi men?
— Rost aytdim, gapim rost, axir!— Tursunali yigʻlamsiradi. — Nega ishonmaysiz? Ustunning tagida chuqurcha bor. Chuqurchada ikki qavat yogʻoch qopqoq bor.
— Sen tirik odamning terisini qanday shilishganini koʻrganmisan? — Tursunali bu savolga javoban javdiraganicha bosh chayqadi. — Koʻrmagansan, — dedi Murik pichoqni bukib, choʻntagiga solgach. — Agar aldasang — koʻrasan. Uch-toʻrt kun ichida koʻrasan. Te-ringni shilib, bi-ir rohatlanaman. Ungacha birovga churq etmaysan. Ogʻiz ochishing bilan kuragingning tagida shu pichoqni koʻrasan. Boʻldi endi, bor.

Tursunali qutulgani rostligiga bir ishonib, bir ishonmay iziga qayta boshladi. Uch-toʻrt qadam bosgach, orqadan Murikning ovozi keldi:
— Zemlyak, ishtoning hoʻl boʻlganga oʻxshaydi, almashtirib ol, yana shamollab qolmagin. Sen menga tiriklayin keraksan, — u shunday deb hiringlab kuldi. Tursunali orqasiga qaramadi.

U Murikni aldamagan edi. Chindan ham yertoʻladagi ustun ostida sandiqcha bor edi. Ammo bu sandiqcha boʻsh edi. Aniqroq aytilsa, bu sandiqcha bir necha haftagina asqotdi — boyliklarni bagʻrida yashirdi. Lekin Tursunalining koʻngli toʻlmay, toʻplaganlarini boshqa joyga koʻchirdi. Hozir yertoʻlani aytishga aytdi-yu, «buning odamlari uyga borar, sandiqchani topib ochar, soʻng aldanganlarini bilib xotinimni siquvga olishar, bolalarimni qiynashar», deb oʻylamadi. Uning uchun hozir eng muhimi — oʻz jonini qutqarish edi. Niyati amalga oshib, Xudoga shukr qilgan tarzda joyiga qaytdi. Mahbuslar ovqatlanib boʻlishib, ishga tarqalishayotgan edi. Tursunali javdiragan nigohi bilan Nuriddinni qidirdi. Tushlikdan avval uni Pachoqburun chaqirib ketgan edi, hali ham qaytmabdi.

Tursunalining qoʻllari ishda, koʻzlari esa Nuriddinning yoʻlida boʻldi. Murik ikki marta unga yaqinlashib «Horma, zemlyak, charchamayapsanmi?» deb ketdi. Nuriddin ish oxirlay deganida paydo boʻldi. Barakka qaytar mahallarida Tursunali uning yengidan asta tortib, past ovozda:
— Tengizni tez koʻrishim kerak, — dedi.
— Olib boraymi? — dedi Nuriddin.
— Yoʻq, bexit joyda koʻrishim kerak. Anov yangi kelgan odam ishkal chiqaryapti.

Nuriddin «yangi» deganingiz kim?» deb soʻramadi, chunki u gap kim haqida borayotganini darrov anglab yetdi. Nuriddin «qanday ishkal chiqaryapti?» deb ham soʻramadi, chunki Tengiz ogohlantirgandayoq shu odamning bir baloni boshlashini fahmlagan edi. Lekin aynan Tursunali atrofida oʻralashayotgani unga yangilik boʻlsa-da, ortiqcha savolga hojat sezmadi. Kechki ovqat paytida Tengiz koʻrinmadi. Shu sababli Qoʻtosning yonidan oʻtayotib «Knyazga zarur gapim bor», deb qoʻydi. Qoʻtos unga qaramagan holda «tushundim» deganday bosh irgʻadi. Oʻsha kech «politbyuro»ning yigʻini belgilangan edi. Shu bois Tengiz Nuriddinni yoʻqlatmadi. Pachoqburun uni ertasiga, nonushtadan soʻng chaqirdi.

Qor boʻralab yogʻayotganiga qaramay Tengiz odatini kanda qilmagan — gulxan yaqinidagi oʻrnini egallagan edi. Boshiga, yelkalariga qoʻngan qorga qaraganda u jo-yida koʻpdan beri oʻtirar edi.

Tengiz Nuriddinning salomiga alik olib, unga qoʻl uzatdi. «Kel, Hamzat, oʻtir», deb roʻparasidagi toʻnkani koʻrsatdi.
— Nima boʻldi?
— Yangi odam Tursunali akaga ilakishib qolibdi. Bir ishkal chiqarmoqchiga oʻxshayotganmish.
— Ha... ilinibdi-da.. — Tengiz shunday deb jilmaydi. — Uzumni yigʻishtiradigan payt kelibdi... Shu qorda ham uzum yigʻishtiriladimi, deb hayron boʻlyapsanmi? Bizda hikmat bor: bir oʻrgimchak qarasaki, uzumzorda kapalaklar koʻp emish. Darrov toʻrini toʻqib, ovga kirishibdi. Uzum pishgan payt ekan. Bogʻbon uzum uzishni boshlabdi-yu, oʻrgimchakni toʻrlariga qoʻshib pachoqlab tashlabdi. Oʻrgimchakda nafs bor edi-yu, aql yoʻq edi, tadbir yoʻq edi. Choʻmichvoy oʻsha oʻrgimchakka oʻxshagan ahmaq. Tursunali akang esa kapalakka oʻxshagan ahmaq.
— Choʻmichvoy?.. — Nuriddin kulimsiradi. — Laqabi qiziq ekan. Kim oʻzi u?
— Kim boʻlardi, bizga oʻxshagan bir qul-da... Gapim yoqmadi, a? Xoʻp, senga oʻxshamagan, menga, hamtovoqlarimga oʻxshagan bir qul. Sen esa ozod odamsan. Piching qilayotganim yoʻq. Chindan ham hursan. Shuning uchun seni yaxshi koʻraman, senga havasim keladi. Sen Epiktet degan odamni eshitganmisan? Uni koʻpchilik bilmaydi. Dunyoda shunaqa faylasuf oʻtgan. Leningradda oʻqib yurganimda uning kitobi qoʻlimga tushib, esimni teskari qilib yuborgan edi. Bitta fikrini aytib beraymi? — Tengiz shunday deb iyagini siladi — goʻyo kalavanig uchini topib olmoqchiday oʻylandi-da, siniq ovozda davom qildi: — «Derlarki, Inson uchun eng ulugʻ dunyoviy ne’mat — uning ozod va hurligidir. Agar ozodlik ne’mat ekan, ozod insonning baxtsiz boʻlmogʻi mumkin emasdir. Agar sen baxtsiz insonga duch kelsang, qaygʻu-hasratda yonayotganiga guvoh boʻlsang bilki, u OZOD EMASdir. U shubhasiz, kim yoki nima tomonidan ezilgandir. Agar ozodlik ne’mat ekan, ozod inson ablah boʻla olmaydi. Agar sen bir odamning boshqalar oldida past ketayotganini, laganbardorlik qilayotganini koʻrsang bilki, u ozod emasdir. U bir quldir. U boʻynini qullik sirtmogʻiga tutib, buning evaziga bir tovoq ovqat yoki biron mansab, yoki shunga oʻxshash biron nima undirmoq istaydi. Kim ozroq manfaatga erishibdi, demak, ozroq xushomad qilibdi. Zoʻrroq xushomad bilan esa kattaroq boylikka erishadi.

Ozod odam hech bir toʻsiqsiz egalik qilish mumkin boʻlgan narsaga egadir. Hech bir toʻsiqsiz nimaga egalik qilishi mumkin? Faqat OʻZ-OʻZIGA! Agar sen odamning oʻz-oʻziga egalik qilmay boshqalarga ham hukm oʻtkazmoqqa jazm etganini koʻrsang bilki, u ozod emasdir. U boshqalarga hokimlik qilishni istadimi, demak, u oʻz istagi, nafsi qulidir...»

Tengiz shunday deb boshini egdi. Qoʻlidagi kosov bilan gulxanni titdi. Olov bagʻridan alam bilan otilib chiqqan hisobsiz uchqunlarni qor zarralari yutdi. Tengiz hozir bir necha daqiqaga oʻgʻrilik botqogʻini ruhan tark etib, talabalik dunyosiga, faylasuf boʻlib yetishmoq orzusidagi yigitning pokiza olamiga qaytgan edi. Nuriddin uni bu holatda avval koʻrmagani sababli ajablanganicha oʻtiraverdi. Unga biron soʻz aytish yoki aytmasligini ham bilmadi.
— Bu oddiy gaplarga oʻxshaydi, — dedi Tengiz boshini koʻtarib. — Lekin uni tushunish oson emas. Amal qilish esa, mushkul... juda ham mushkul. Biz... oʻgʻrilar, oʻzimizni ozod insonlar deb hisoblaymiz. Bu nisbiy tushuncha. Aslida esa Epiktet haq — biz qullarmiz!.. Ana endi oʻylab koʻr: bu dunyoda ozod inson koʻpmi yoki qulmi? Men Choʻmichni ahmaq oʻrgimchakka oʻxshatdim. Aslida biz ham oʻsha ahmaq oʻrgimchaklarning birimiz. Faqat qaysi boQbon qanday yanchib oʻldirishini bilmaymiz. Bizning qismatimiz shu — boshqacha boʻlishi mumkin emas... Shunaqa gaplar ham bor bu dunyoda, oshnam. Akangga aytib qoʻy, talvasaga tushmasin. Choʻmichni tinchita oladigan aqlimiz bordir.

Nuriddin suhbat yakunlanganini anglab, oʻrnidan turdi. Yarim soatdan soʻng Pachoqburun Tursunalini boshlab keldi. U kelguniga qadar Tengiz oʻrnidan turib, egniga qoʻngan qorni qoqib, gulxan yaqinida u yoqdan bu yoqqa yurdi. Unga Murikning maqsadi oz boʻlsa-da ayon edi. Sobiq sovxoz direktoridan nimani istash mumkin? Pul. Balki Gobelyan unga shu ishni topshirgandir? «Uch harf»dan olgan vazifasi-chi? «Bu qanjiq hamma yoqni chigallashtirib tashladi-ku?» deb Qijindi Tengiz. Kalavaning uchini topa olmay yuragi siqilayotganda Tursunali yaqinlashib, salom berdi.
— Nima gaping bor? — dedi Tengiz salomga alik olay.

Bunday qoʻrsliklarga koʻnikib qolgan Tursunali joyida qotib, atrofiga qoʻrquv aralash bir alanglab oldi.
— U meni oʻldirmoqchi boʻldi, — dedi miskinlik bilan.
— Nega oʻldirmadi?

«Nima uchun oʻldirmoqchi edi», degan savolni kutgan Tursunali javobga taraddudlandi.
— U «boylikni qaerga yashirding?» deb zugʻum qildi.
— Xoʻsh, aytdingmi?
— U yoqda boylik qolmagan oʻzi...
— Seni Gobelyan soʻroq qilganmi?
— Ha.
— Boyliging qaerdaligini unga aytganmisan?
— Boʻlsa aytaman-da.
— Qanjiq seni nega oʻldirmadi?
— Unga aytdim.
— Demak, bor ekan-da? — Tengiz shunday deb unga Gʻazabli nigohini qadadi.
— Oʻzi yoʻq, boʻlsa sizga aytmasmidim. Unga aytgan yerimda sariq chaqa ham qolmagan. Meni qutqarish uchun xotinim hammasini sovurib, ado qilgan.
— Boyliging qolmagan boʻlsa, nega qaqshayapsan? Nimadan qoʻrqyapsan?
— U meni oʻldirmoqchi.
— Oʻldirsa savobga qoladi.
— Nega, axir?.. — najot umidi bilan kelgan Tursunali sovuq tarzda aytilgan bu gapni eshitib bir seskandi. «Shartga binoan siz meni himoya qilishingiz kerak-ku!» demoqchi boʻldi-yu, da’vo qilishga tili bormadi — qoʻrqdi. «Nega, axir...»dan nariga oʻta olmadi. Da’vosini aytolmagan boʻlsa ham, Tengiz uning maqsadini angladi.
— Seni uning changalidan qutqarishim kerakmi? Kallang joyidami?! U sen bilan uchrashish uchun atay boʻynini sirtmoqqa tutib bergan. Bekordan bekorga qamaladigan bolamas u. Bir narsaning isini sezmasa izingdan tushmas edi. Shu bugundan boshlab shartni bekor qilaman. Toʻlaydigan soligʻing ham oʻzingga siylov. Erta-indin uyingga odam borib, aytgan yeringni titadi. Hech narsa topolmasa xotin, bola-chaqangni oʻldiradi. Keyin oʻzing bu yerda it azobida oʻlasan. Shunaqa boʻlgani durust. Sen ahmaqni himoya qilganim uchun men oʻgʻrilar orasida isnodga qolaman. Yoʻqol, koʻzimga koʻrinma.
— Nega ishonmaysiz? — Tursunali shunday deb yigʻlab yubordi.

Tengiz «oʻl bu kuningdan!» deganday aftini burishtirdi-da, burilib nari ketdi. Toʻrt-besh qadam yurib, gulxan yaqinidagi toʻnkaga oʻtirdi.

Tursunali nima qilarini bilmay gangigan holda turib qoldi. Yordamga ishongan edi, najotni Yaratgandan emas, shu yigitdan kutgan edi. Hozir ham umidining soʻnggi iplarini shu odamga bogʻladi. Agar hozir bir moʻ‘jiza yuz berib, Tangri-taolo aytsaki, «Ey Odam bolasi, men butun olamlarning yaratuvchisiman, sen ham bandasan, u ham bandamdir. Najotni kimdan kutasan?» Nodonlik, jaholat chodiriga tamoman burkalib olgan, koʻz nurlarini, aql-farosatini shayton alayhila’na ixtiyoriga butkul topshirgan bu banda hech ikkilanmay ikkinchi bandani koʻrsatar edi. (Astagʻfirulloh!)

U asta yurib, hoʻngrab yigʻlagan holida Tengizga yaqin keldida, yonida tiz choʻkdi. Shu yoshga kirib biron marta boʻlsin Yaratganiga sajda qilmagan banda xorlik libosiga oʻralib ikkinchi bir banda yonida tiz choʻkdi. Tengiz toʻgʻri aytgan edi: erkakning bu qadar xorlanishidan koʻra oʻlib ketavergani ming karra afzalroq.
— Meni qutqaring. Oʻlguningizcha qulingiz boʻlayin.

Tengiz salgina burildi-yu, uning yonogʻiga musht tushirdi. Marhamat kutib tiz choʻkkan Tursunali bu zarbdan chalqanchasiga yiqildi.
— Mishigʻingni art, he xunasa! — Tengiz shunday deb kaftiga qor olib ishqadi. — Qul boʻlarmish... Sendaqa erkakni moyagidan osib qoʻyish kerak. Erkakman, deb yuribsanmi hali... — Tengiz xumordan chiqqunicha soʻkib, unga qarab tupurdi. — Oilangning ehtiyotini qilaman. Ular yemagan somsalariga pul toʻlab yurishmasin. Sen bilan ishim yoʻq. Yoʻqol!

«Hammang bir goʻrsanlar! Hammang ablahsanlar! Hammangni qirib tashlash kerak! Urugʻlaringni oʻynatib tashlash kerak!» — Tursunalining xayolini shunday hayqiriq toʻzitdi, ammo boʻgʻzi bu nidoni tilga koʻchishiga yoʻl bermadi. Tengizning salgina yon bosgani unga dalda boʻlib, oʻrnidan turdi. Rahmat aytib, iziga qayta boshladi. Oʻn qadamcha bosib toʻxtadi-da, najot koʻzlari bilan orqasiga oʻgirilib, Tengizga qaradi. «Kel, boʻpti, oʻzingni ham himoya qilaman», degan gapni kutdi.

Ish joyiga qaytib, qoʻliga bolta oldi. Amal kursisini egallab, raykom taxtiga yoʻl koʻrsatgan aqli endi jonini saqlab qolish yoʻlini aniqlashga ojizlik qilayotgan edi. Yuzlab odamlarning nonini yarimta qila olgan tadbirlari bu yerda oʻlumtuk ahvolga tushdi. Aql ham, tadbir ham unga xiyonat qildi. Aql, tadbir deganlari shayton izmida boʻlgach, oʻzgacha oqibat kutish mumkinmi?

Beixtiyor ravishda daraxt shoxlariga bolta urar ekan, qutulish choralarini izlaydi. Ammo sonsiz kapalak singari toʻzigan fikrlari oʻziga boʻysunmaydi. Shaytonning burchi uni jar yoqasiga yetaklab kelmoq edi — vazifasini ado qildi. Qadamini bir qarichgina nari tashlasa kifoya. Shu paytgacha shaytonning mehri bulogʻidan suv ichib, quvvat olgan aqli uni asrab qola olarmikin?

Bu aql unga yagona najot yoʻlini koʻrsata boshladi.

Najot — OʻLIM! Qanday goʻzal manzil! Bu azoblar, bu xorliklar biratoʻla barham topgusi. Birgina harakat kifoya, bir necha nafas kifoya. Yana ikki-uch kunmi, ikki-uch haftami azoblanib yashamoqdan koʻra, hoziroq oʻlim topgani yaxshi emasmi!

O, gʻofil banda! U dunyoda bu yerdagidan yuz, balki ming chandon ortiqroq azob hozirlab qoʻyilganini fahm etsami, oʻlimga bu qadar intilmasmi edi...

Hozir esa... soʻnggi najot yoʻli unga afzal koʻrinaverdi. Endi fahmi yetganicha oʻlimning tez va oson turini izlay boshladi. Nima qilsin: shu qoʻlidagi bolta bilan peshonasiga qarsillatib bir ursinmi? Miyasining qatigʻini oʻynatib yuborsinmi? Shu fikrda boltaning tigʻiga qaradi. Beixtiyor ravishda tigʻ ustiga barmogʻini qoʻydi. Tigʻ nazarida oʻtmas boʻlib tuyuldi: bolta urish fikridan qaytdi. Oʻzini osish, tomirini kesish... barchasi ogʻir tuyuldi. Shu asnoda peshinga qadar gʻimirlab yurdi. «Bu koʻrguliklardan koʻra oʻlganim ming marta yaxshi», degan toʻxtamga keldi-yu, ammo oʻzini oʻldirmoqqa kuch topa olmadi.

Peshindan keyin esa... Pachoqburun paydo boʻlib, uni ovloqqa boshladi. Tursunali qor yuzasidagi bir tomonga qarab ketgan izlarni koʻrib, koʻpchilik oʻtganini fahmladi. Biroq «koʻpchilik taqdirimni qanday hal etar ekan?» degan jumboqqa javob topa olmadi. Butazor oralab ancha ichkarilashgach, sayhonlikka chiqishdi. Tursunali bu yerning qatl maydonchasi ekanini keyinroq bildi.

Ustidagi paxtaligi yechib tashlangan Murik koʻylakchan holda maydoncha oʻrtasida turardi. Ikki oyogʻining toʻpigʻidan bogʻlangan arqon uchlarini ikki yigit mahkam tutganicha tarang tortgan edi. Murikning orqa tomonidan Koshak, roʻparasidan Tengiz, sal naridan esa Qoʻtos joy olishgan edi. Uchovlari maydonchada paydo boʻlgan Tursunaliga oldinma keyin qarab qoʻyishdi.
— Sen oʻzingni burgut deb oʻylovmiding? — dedi Tengiz Murikka yuzlanib. — Ana, changal solmoqchi boʻlgan oʻljang keldi. Murikjan, seni kim oʻgʻrilar oilasiga tavsiya etgan, kim qabul qilgan, bilmayman-u, ammo unisi ham, bunisi ham oʻzingdan battar ahmaq ekaniga yuz foiz ishonaman. Oʻgʻri degan sal aqlliroq boʻlishi kerak. Bu yerlarning xoʻjayinlari bizlar ekanimizni yaxshi bilarding, a? Bilib turib bizning yerlarda ov qilmoqchi boʻldingmi? «Bular bir laqma, ogʻziga pashsha qoʻndirib yotishadi», deb oʻyladingmi? Umuman fikringda jon bor. Men laqma boʻlsam kerak. Koshak, sen-chi? Sen ham laqmamisan?

Koshak xoxollar tushunishi mumkin boʻlgan tarzda bir soʻkindi-da, Murikning gardaniga musht tushirdi. Oyoqlari bogʻlangan Murik uchun ana shu zarbaning oʻzi kifoya qildi — yuztuban yiqilib bir necha daqiqa harakatsiz yotdi.
— Suzishni bilmasang nima qilarding oʻrdak ovlab. Qani, tur, tuqqan xotindek yalpayib yotma.

Murikning bu yotishi ayyorlik chegarasidan narida edi. Bundan oldingi mushtlarning zarbalari qoʻshib hisoblansa, uning ahvoliga achinish ham mumkin. Ne afsuskim, mazkur olam ongidan odam joniga achinish, ayash kabi tushunchalar oʻchirib tashlangan. Alhol, Murikning holiga achinmoq ham nooʻrindir. Chunki «qaytar dunyo» deganlar-ku!

Murik qorga yuzini bosib, picha orom oldi. Tengizning gaplari qulogʻiga kirguniga qadar davom etgan bir necha lahza tanga ozgina rohat bersa-da, ruhi azobdan chirqirayverdi. U Gogikning taklifiga uchgan onlarini eslab, uni ham, oʻzini ham la’natladi. Gobelyan nima uchun Gogikni bu ishga joʻnatmaganini Koshakning birinchi mushtidan keyinoq tushunib yetdi. Hammasini oʻylagan edi, reja qilgan edi. Oʻgʻrilar nafratiga uchrashi aniqligini ham bilgan edi. Faqatgina jazoning bu qadar tez kelishi va ogʻir boʻlishini hisobga olmagan edi.

Yana picha orom olish maqsadida oʻrnidan qimirlamagach, tovonidan tepki yedi. Shundan soʻnggina qaddini koʻtara boshladi.
— Valeriy Ivanovich, sen burgutning oʻrdak ovlaganini eshitganmisan?— dedi Tengiz Qoʻtosga qarab.— Eshit, bu qiziq hangoma. Bir nodon burgut... Qara-ya, burgutlarning ham nodoni boʻlar ekan, oʻsha nodon burgut oʻrdak ovlamoqchi boʻlibdi. Endi oʻrdakka chang solaman, desa oʻrdak shartta suvga shoʻngʻib ketarmish. Shunda burgut astoydil qasd qilib oʻrdak tomon oʻqdek uchibdi. Oʻrdak bu safar ham suvga shoʻngʻigan ekan, «endi qutulib boʻpsan!» deb u ham shoʻngʻibdi. Oʻrdak esa suv yuzasiga chiqib, qanotlarini yoyibdi-yu, uchib ketibdi. Burgut esa suvga boʻkib oʻlibdi. Qalay, Valeriy Ivanovich?
— Nima demoqchisan? Shu itpashshani burgutga oʻxshatyapsanmi? — dedi Qoʻtos ensasi qotib.
— Yoʻq-oʻq, Valeriy Ivanovich, kelib-kelib shuni burgutga oʻxshatamanmi? Bu jonivor oʻz nomi bilan Murik! Sen esa buni itpashshaga oʻxshatyapsan. Itpashshalarni ranjitma. Valeriy Ivanovich, harholda ular orasida qanjiqlari yoʻqdir.

Murik qaddini rostlagach, Tengiz barmoqlari uchi bilan uning iyagini ushladi-da, boshini Tursunali tomon burdi:
— Xoʻsh, bu laqmada nima ishing bor edi?
— Yolgʻiz oʻzingga aytaman, — dedi Murik.
— Hilvatda achomlashib turadiganlarga oʻxshab gapingni qulogʻimga aytasanmi? Koshakka ishonmaysanmi? Yo Valeriy Ivanovichdan hadiksirayapsanmi? Ularni qanjiq deb oʻylayapsanmi?

Bu gaplardan soʻng Koshak yana musht hozirlagan edi, Tengiz bir imo bilan uni toʻxtatdi.
— Noz-ishvalaringni hali tramvayga qoʻyganimizda qilarsan, — deb davom etdi Tengiz, — qani, ayt!
— Bular boy boʻlishadi, — dedi Murik, — ozginasini baham koʻrsin, devdim, hammasini olmayman, dedim.
— Qaerga berkitgan ekan?
— Molxonada...

Murik shunday deyishi bilan Tengiz uning qorniga mushtladi. Soʻng yiqilib tushmasin, deb sochlarini changallab, boshini koʻtardi.
— Bunchalar ahmaq boʻlmasang, sen xunasa! Bu laqma senga aytganini bizga aytmaydimi?
— Gapimni oxirigacha eshitmading, Knyaz! — dedi Murik ixranib. — «Molxonaga yashirganman» demagin, dedim unga. Keyin... aytdi... Yertoʻlada ekan...
— Gobelyan bilan qanaqasiga kelishgansan?
— Uchdan biriga. Biri Gogikka, biri unga. Bu ishga meni Gogik tortdi. Qanjiq deyiladigan boʻlsa, oʻsha gʻirt qanjiq. Meni emas, uni oʻldirish kerak.
— Seni kim oʻldirmoqchi boʻlyapti, Murikjan?.. Gogikning esa oʻz hisob-kitobi bor. Sen uning taqdiri uchun qaygʻurmay qoʻyaver. Sen bizga ikkinchi topshirigʻingni ayt.
— Avvalgi kuni oʻzingga aytganman. Mening bilganim shu.
— Ular nima uchun seni tanlashdi?
— Bilmayman. Mening bilganim: yana uch-toʻrtta odamga buyurilgan. Har xil lagerlarda odam tanlayapti. Ularning kimligini bilmayman. Knyaz, qoʻrqityapti, deb oʻylama. Ammo menga bir narsa boʻlsa, ular seni tinch qoʻyishmaydi.

Tengiz tislanib, Tursunalini chaqirdi-da:
— Seni urdimi? — deb soʻradi.

Tursunali Murikka xavotir bilan qarab sekingina «Ha», deb qoʻydi.
— Qanday urgan boʻlsa, sen ham shunday ur. Haqqing qolmasin. Boradigan yeriga qarzsiz borsin. Qani, lalayma, ur!

Tursunali bu gap chinmi yo hazilmi ekanini bilmay, gangib qoldi.
— Hoy, it! Senga aytyapti, ur! — deb buyurdi Koshak.

Tursunali shunda ham jur’at etmagach, Tengiz soʻkinib, boldiriga tepib qoldi. Tursunali bu zarbdan bir munkib tushdi-yu, oʻzini tezda oʻnglab oldi. Soʻng buyruqni bajarmasa oʻziga yomon boʻlishini anglab Murikning yuziga teskari shapaloq tushirdi.
— Murikjan sen shunday urganmiding? — dedi Tengiz. — Ancha ishdan chiqib qolibsan-da. Hezalakchasiga uradigan oʻgʻri oʻgʻrimi, a Koshak? — Savolga javoban Koshak zaharli tirjaydi. Tengiz esa Tursunaliga qaradi: — Shu bitta shapaloqqa iching oʻtib ketdimi? Koshak, boʻsh vaqt topib sen bunga urush qanaqa boʻlishini oʻrgatib qoʻyishing kerak ekan.

Koshakning boʻsh vaqti hozirga toʻgʻri kelib, buyruq ijrosini hayallatmadi. Tirjaygan holda Tursunaliga yaqinlashdi. Oʻng qoʻli bilan yuzini silab turdi-da, chap qoʻli bilan bexosdan qorniga mushtladi. Tursunali bukchayishga ulgurmay musht yeb uch qadam nariga uchib tushdi. Tengiz tepishga chogʻlanib borayotgan Koshakning yoʻlini toʻsdi:
— Birinchi darsga shu ham yetadi. Endi Murikning pichogʻini olib ber. Choʻmich, sen oʻgʻrilar olamiga zarracha foyda keltirmagansan. Shunday boʻlsa ham haqiqiy oʻgʻri sifatida oʻlishingga imkon beramiz.
— Knyaz, unday qilma, oʻzingga yomon boʻladi! — deb xitob qildi Murik jon achchigʻida.

Tengiz unga oʻqdek nigohini qadab jim qoldi. Murik aytmasa ham oʻziga qiyin boʻlishini yaxshi biladi. Murikni yollab, vazifa yuklaganlar uning oʻlimiga achinganlari uchun emas, balki topshiriq chala bajarilgani uchun ham Gʻazab otiga minadilar. Ilonning dumi bosib olinsa chaqadi, deydilar. Ammo ilon ba’zan chaqolmasligi ham mumkin ekan. Lekin Murikni yollaganlar chaqmasdan qoʻyishmaydi. Kechagi «politbyuro» yigʻinida kutilajak bu holat ham nazardan chetda qolmagan edi. «Shunday qilish kerakki, ilon kimni chaqishni aniq bilmay chalgʻisin», degan toʻxtamga kelgan «politbyuro» chalgʻitish yoʻlini izlab topishni Tengizga yuklagan edi.

Kecha Murik Tursunalini ovloqqa boshlaganidayoq Tengizga xabar yetgan edi. Tengiz birinchi «suhbat» «doʻstona» boʻlishini bilgani uchun ularning izidan odam joʻnatmadi. U uchun eng muhimi — Murikning Tursunaliga qopqon qoʻyishi. Nuriddin Tengizni yoʻqlaganida «politbyuro» aynan Murikning taqdirini hal qilayotgan edi.

Tengiz avvaliga oʻlimning yaxshi usulini topganday edi. Murikka «hech kimdan gumon qilmanglar, jonimdan toʻyib oʻzimni osyapman», qabilida xat yozdirib olmoqchi edi. Hozir boshqa durustroq usul xayoliga kelib, dastlabki fikridan qaytdi.
— Murikjan, aqlli bola pichogʻini oʻzi oladi. Sen aqllisan, a? Koshak, toʻxta, unga tegma. Sen ham pichogʻingni ol.
— Shu itpashsha bilan olishamanmi? — dedi Koshak norozi ohangda.
— Men senga pichogʻingni ol, dedim. Olishasan, demadim, — Tengiz Koshak uzatgan dudamani olib, choʻntagidan roʻmolcha chiqardi-da, yaxshilab artdi. Keyin choʻk tushib oʻtirgan Tursunalini chaqirdi: — Hoy, laqma, bu yoqqa kel. Tirik qolishni istasang, oʻzingni himoya qil. Ma, ushla!

Tursunali pichoq emas, zaharga toʻla, chaqishga shaylanib turgan chayon uzatilayotganday seskanib ketdi. Bosh chayqab, yarim qadam tislandi.
— Men umrimda... odam oʻldirmaganman, — dedi gʻudranib.
— Senga odam oʻldir, demadim. Oʻzingni himoya qilgin, deyapman. Oʻ oʻlasan, yo oʻldirasan, boshqa chorang yoʻq.

Koshak orqasiga oʻtib, yumshoq yeriga bir tepgach, Tursunali beixtiyor ravishda pichoqqa qoʻl uzatdi.
— Ha, oʻgʻil bola, shunaqa boʻlsin. Murikjan, ana, hayoting oʻz qoʻlingda.
— Knyaz, ayt, oyoqlarimni yechishsin.
— E, yoʻq, sen professionalsan, Murik, bu esa bir laqma. Erkak boʻlib bugun qoʻliga pichoq olyapti. Bizni qiziq tomoshadan mahrum qilma, Murikjan, — Tengiz shunday deb bir arqonning uchini oʻzi qoʻlga oldi. — Qani, Choʻmich, burgutmisan yo itpashshamisan, boshla!

Murik Tengizga qarab oldi-da, soʻng gangib turgan Tursunali tomon qadam tashladi. Avvaliga arqonni boʻsh qoʻyib berdilar. Murik uch qadam yurgach, kutilmaganda sapchib, Tursunaliga tashlandi. Yaxshiki u moʻljalni sal noaniq oldi — oʻljasiga ozgina yetmadi. Ammo pichoqning uchi Tursunalinig iyagini tilishga ulgurdi.
— Hoy, it! Nimaga qarab turibsan, ur! — deb baqirdi Koshak Tursunalini turtib.

Oʻljasiga yetolmay yuztuban yigʻilgan Murik Tursunali tomondan hamla kutib, tezgina oʻrnidan turdi. Tursunali esa pichoq urish oʻrniga tisarilmoqchi boʻldi. Ammo orqasida turgan Koshak unga yoʻl bermadi.

Shu paytgacha tomoshabin kabi chetda turgan Qoʻtos Tursunaliga yaqinlashdi:
— Oʻlging kelmayotgan boʻlsa tashlan. Bu yerda ikkovingdan biring oʻlishing shart. Qoʻrqma. Odam oʻldirish sen oʻylaganday ogʻir ish emas. Dahshat ham emas. Sen eng yaxshi koʻrgan odamingni koʻz oldingga keltir, sen oʻsha yaxshi koʻrganing uchun yashashing kerak.

Eng yaxshi koʻrgan odami... Kim boʻlishi mumkin? Xotinimi? Bolalarimi, yo... Nafisasimi?.. Hozir ularni oʻylaydigan ahvolda emas edi u. Hozir oʻz jonini saqlab qolishnigina oʻylardi. Bu bejiz emas, chunki eng yaxshi koʻrgan odami — OʻZI edi.

Murik esa Tengizning gapiga inonib, jonini saqlab qolish uchun astoydil hamla qilar edi. Oyogʻi bogʻlanmagan boʻlganida dastlabki daqiqadayoq Tursunali naq enasini koʻrishi aniq edi.

Gangib, dovdirashi chekingani bilan qoʻrquv hali Tursunalini tark etmagan edi. Bir necha soatdan beri oʻzini oʻldirish fikrida yurgan odam endi oʻlimdan qoʻrqayotgan edi. U qorongʻu lahaddagi guvalaga bosh qoʻyib yotishdan (ajab! Bu yerda oʻlsa lahad ham, guvala ham nasib etmaydi unga), soʻng boʻlajak hisob-kitobdan, keyin esa naqd qilib qoʻyilgan qabr azoblaridan, soʻng qiyomat kunidagi ayanchli taqdiridan emas, bu aldamchi dunyo hayotini tashlab ketishdangina qoʻrqardi.

Murik navbatdagi hamlasida yiqila turib Tursunalining paxtaligini tilib yuborishga ulgurdi. Shundan soʻng Tengiz arqonini tashlab, Tursunaliga yaqinlashdi.
— Oʻlging kelmayaptimi? — dedi past ovoz bilan. — Yashashni xohlaysanmi? Toʻgʻri qilasan. Kel, savdoni pishirib qoʻya qolaylik: tarozining bir pallasiga joning, ikkinchisida yashirib kelgan boyliging turibdi. Qaysi birini tanlaysan? Faqat boyligim yoʻq, deb mingʻirlama. Bu eski ashulang jonimga tegdi. Men balki ahmaqdurman. Ammo Gobelyan ahmaq emas. Bir narsaning isini olmasa, shunchalik ovora boʻlmaydi. Men seni qiynagim kelmayapti. Agar xohlasang oyogʻingdan osib qoʻyishim mumkin. Murikjan esa tovoningdan boʻgʻzinggacha tilib bir rohatlanadi. Agar xohlasa teringni shilib, tuz sepib qoʻyishi ham mumkin.

Bu gap Murikning kechagi poʻpisasini eslatib, rostdan ham terisi shilinib tuz sepilganday badani qaqshab ketdi.
— Xoʻsh, qaysi biri ma’qul senga? Boylikni sen mehnat qilib topmagansan. Senga baribir buyurmaydi. Hatto bizga ham buyurmasligi mumkin. Boylik oʻzi shunaqa boʻladi. Birovga vafo qilmaydi. Boylik nima, bilasanmi? Nozaninga aylangan bir ajdaho. Qip-yalangʻoch nozanin koʻrinishida qoʻyningga kiradi. Vujuding rohatlanadi. Keyin esa asliga — ajdaho holiga kirib oʻt purkaydi, hammayogʻingni kuydiradi. Sen, ahmaq esa yashirganingni hali ham nozanin deb oʻylayapsan. Senda kalla yoʻq, u allaqachon ajdahoga aylanib boʻlgan. Bu yerdan tirik qaytganingda ham seni nozanin quchogʻiga olmaydi. Ajdaho baribir kuydirib oʻldiradi. Men sen ahmaqni ajdahodan qutqarmoqchiman. Qani, ayt!

Tursunali oʻgʻridan bunaqa ma’nili gap kutmagani uchun ajablandi. Tengiz esa uning pichoq ushlagan qoʻlini mahkam changallab, tigʻni biqiniga tiradi. «Bir siltasa, tamom, — deb oʻyladi Tursunali. — Jon ham ketadi mol ham birovlarga qoladi. Gapi toʻgʻri bu oʻgʻrining. Hid olishgandan keyin topmasdan qoʻyishmaydi. Bunisi boʻlmasa boshqasi izimdan iskab yuraveradi. Padariga la’nat! Otlar topib, eshaklar yeydigan zamon ekan. Oʻsha boylikni toʻplayman, deb boshim balolarga qoldi. Endi ham tinchitishmasa aytay, balodan qutula qolay... Soʻzida turmasa-chi? Ertaga shartni buzaman, deb tursa-chi? Nima boʻlsa ham peshonamdan koʻrdim. Aytaman...»

Shu qarorga kelib, aytdi. Tengiz diqqat bilan eshitdi. «Aldamayapsanmi, aldasang — oʻlasan!» deb poʻpisa qilmadi. Koshakka qarab bir im qoqdida, chetga chiqdi. Maqsadni anglagan Koshak jun qoʻlqopni kiydi-da, tiz choʻkib oʻtirgan Murikdan pichoqni tortib olib, Tursunali tomon yurdi. Tursunali nima gap boʻlayotganini fahmlashga ulgurmadi. Koshak tirjayganicha unga yaqinlashdi-da, chaqqon tarzda engashib, boldiriga pichoq urdi. Tursunali «oh! deganicha qoʻlidagi pichoqni tashlab yuborib, boldirini changalladi.
— Dod dema, toʻygacha tuzalib ketadi, — dedi Qoʻtos unga qarab kulib.

Koshak esa Tursunali tashlagan pichoqni oʻng qoʻliga oldi-da, bu manzaradan ajablanib oʻtirgan Murikka yaqinlashib oyoqlarini kerganicha tirjayib turdi. Soʻng chap qoʻlidagi tugmali pichoqni unga uzatdi. Murik pichogʻini qoʻliga olib oʻrnidan turaman, deganida Koshak uning boʻgʻzini tilib yubordi. Favvora boʻlib otilgan qon qor yuzini birpasda qizilga boʻyadi. Koshak esa, Tengizga qarab tirjayib qoʻygach, Murikning boʻgʻzini kesgan pichoqni Tursunalining yoniga tashladi.

Yigitlar Murikning oyogʻidagi arqonni yechib olishgach, barchalari bir zumda gʻoyib boʻlishdi. Tursunali bu yerda qolishi xavfli ekanini anglab, sudralganicha iziga qayta boshladi. Lekin koʻp yurolmadi. Yugurib kelayotgan soqchilar qoʻliga tushdi.

Avvalgi
I- qism