OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiMurdalar gapirmaydilar (II- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm193KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/29
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Murdalar gapirmaydilar (II- qism)
Tohir Malik

Ikkinchi bayon: Farjom

Dunyo manzilining oxiri

Nafisani qargʻadilar:
— Oʻynashi bilan yotgan ekan, sharmanda! Oʻldirgan odam savobga qolibdi...

Sanjarni la’natladilar:
— Suyuqoyoqqa ilakishib yurgan ekan, yigit oʻlgur. Toʻrt bolasi koʻziga koʻrinmabdi-da...

Bu gaplarga, xulosalarga hali fursat bor.

Hozir esa... militsiya telefoni jiringlaydi. Navbatchi leytenant qulogʻiga tutadi. Soʻng xirildoq ovozli odam «Allo, qizimni oʻldirib ketishibdi», deydi-yu, hoʻngrab yigʻlaydi. Oʻzini yigʻidan toʻxtatolmagan tarzda manzilni arang ma’lum qiladi.

Jinoyatga oid qidiruv boʻliminig inspektori kapitan Omonullo Yigitaliev tish ogʻrigʻidan ezilib oʻtirganida unga ikki odamning oʻldirilgani haqidagi xabarni yetkazdilar. «Doʻxtirga kirib kelaversam boʻlarkan», deb oʻyladi u ma’lumotlarni yozib olgach. Omonulloning ayrim harakatlariga qarab hayron qolish mumkin. Qurolli jinoyatchiga yuzma-yuz boʻlishdan, otib tashlar yoki pichoq urar, degan xavotirdan yiroq bu odam em ignasidan qoʻrqardi. Tish tabibi-ku uning koʻziga Azroil kabi koʻrinar, nazarida u tishni emas jonni sugʻurib oladiganday boʻlardi. Ikki kundan beri jagʻ tishi zirqiraydi. Ikki kundan beri moʻ‘jiza kutadi: ogʻriq oʻz-oʻzidan toʻxtar, deb umid qiladi. Bu tun ogʻriq zabtiga olganda «tong otishi bilan borib shartta sugʻirtirib tashlayman», deb qasd qildi. Tong otdi. Ahdiga vafo qilib tish tabibiga bordi. Ammo uning shijoati, dadilligi tabib xonasining ostonasiga qadar yetdi. «Birpas nafasimni rostlay», deb oʻzini oʻzi aldab, oromkursiga oʻtirdi. U kabi «botir»lar hali tabibga yetib kelmagan, qabulxonada uning oʻzi tizzasi qaltiragan holda oʻtirardi. Tabib qiya ochiq eshikdan qarab-qarab qoʻyib, oxiri ostonaga keldi-da, «menga kirmoqchimisiz?» deb soʻradi. Omonullo beixtiyor ravishda bosh chayqab, «yoʻq» dedi. Soʻng ajablangan tabibga qarab «oʻrtogʻimni kutyapman», deb izoh berdi. Nazarida tabibni koʻrishi bilan tish ogʻrigʻi toʻxtaganday boʻldi. Tabib joyiga qaytishi bilan u oʻrnidan turdi. Xuddi tabib yana qaytib, «qani bu yoqqa yurchi», deb zoʻrlaydiganday tez-tez yurib tashqariga yoʻl oldi. Ishxonasiga yetib kelishi bilan ogʻriq yana oʻz zulmini oʻtkaza boshladi. Ana shu paytda telefon jiringlab uni qotillik sodir boʻlgan manzilga da’vat qildi.

Omonullo prokuratura vakili bilan uy yoʻlagida uchrashdi. Dum-dumaloq koʻzlari kibr bilan boquvchi, sochlari silliq taralgan, sargʻish qaldirgʻoch moʻylovi oʻziga yarashmagan bu yigitni shahar prokuraturasida dastlab koʻrganida «ish bilan kelgan ashulachi boʻlsa kerak», deb oʻylagan edi. Ikkinchi marta koʻrganida kim ekan, deb surishtirib, kimning oʻgʻli ekanini bilgach, «ishqilib shunga roʻpara boʻlmay», deb niyat qilgan edi. Oʻshanda farishtalar teskari duo qilishganmi, mana, bugun unga roʻpara boʻlib turibdi. Omonullo oʻzidan ancha yosh boʻlgan bu yigitdan salom kutib yanglishdi. Unga yaqinlashib, oʻzini tanitdi.
— Men shahar prokuraturasidanman. Mels Abdullaevich Xoʻjaev, — dedi yigit qoʻl uzatib.
— Taniyman sizni, — dedi Omonullo iltifotsiz ohangda.
— Ishni mening nazoratimda yuritasiz, — dedi Mels unga buyruq ohangida.

Agar tishi zirqirab turmaganida ensasi qotganini yashirmay, odatiga xilof qilmagan tarzda «qulingiz boʻlayin», degan mazmunda piching toshi otishi tayin edi. Hozir bu oliftaga shu pichingni ham ravo koʻrmay qoshini chimirib qoʻya qoldi.

Zinadan koʻtarilishgan sayin dimoqlariga yomon hid urilib, koʻngillarini behuzur qila boshladi. Omonulloga bunday hid tanish. Sasib yotgan murdalarni birinchi koʻrishi emas. Mels Xoʻjaevning esa koʻngli behuzur boʻlib choʻntagidan roʻmolcha chiqarib burnini berkitdi. «Bunaqa ishga endi roʻpara boʻlishidir, — deb oʻyladi Omonullo. — Lekin bu oliftaligiga qaraganda yuzinchi marta roʻpara boʻlsa ham burnini jiyiraveradi. Bunaqa yigitlarga doʻkonda qizlarning siynabandini sotib oʻtirish yarashadi.»

Omonullo oʻz aqli, bilimi bilan oʻqib, ishda ham oʻz farosati, tajribasiga suyanib yurgani uchun «falonchining oʻQliman yoki jiyaniman», deb tirgovichlar yordamida oʻqigan, suyanchiqlar koʻmagida ishlab, «nodir mutaxassis» sifatida amal poQonalariga koʻtariladigan nusxalarni yoqtirmas edi. Mels Xoʻjaevni shu toifadan deb bilib, hali uning aqli farosatidan xabar topmayoq, ensasi qotdi. Bepisand tarzda «ishni mening nazoratimda yuritasiz», deyishi farosat darajasini oʻlchash uchun kifoya qildi. Iriy boshlagan murdalar yotgan xonaga kirayotib Omonullo «Ey Xudo, shu dumbulboyvachchaga roʻpara qilguncha qolgan oʻttizta tishimni ham oQrita qolsang ming marta yaxshi edi», deb qoʻydi.

Erkakning murdasi hammom eshigi ostonasida, ayolniki esa oshxonada yotardi. Mels Xoʻjaev erkakning murdasi ustidan hatlab oshxonaga oʻtdi-da, suratga olayotgan kishiga qarab:
— Murdalarni joyidan jildirmadingizmi? — deb soʻradi.

Bu savoldan ajablangan suratchi yelka qisib qoʻyib, Omonulloga qaradi. Uning ajablangani bejiz emas: shu sohada qirq yildan beri ishlayotgan boʻlsa hali biron marta murdani yotgan joyidan jildirmagan, boshqalardan bu kabi tanbehnamo savolni eshitmagan ham edi. Omonullo «xoʻp deyaverasiz-da, endi» deganday koʻz qisib qoʻydi.
— Har bir buyumdagi barmoq izlarini olinglar. Qoʻshnilarni soʻroq qiling. Sinchiklab ishlanglar. Men oʻzimda boʻlaman, kirib oʻtarsiz.

Mels Xoʻjaev shunday deb koʻrsatmalar bergach, tez-tez yurib chiqdi. Turli jinoiy ishlar boʻyicha Omonullo bilan birga ish yuritadigan guruh a’zolari uning bu qiligʻidan noroziliklarini yashirmay bir-birlariga savol nazari bilan qarab qoʻydilar. Omonullo «e’tibor bermanglar», deganday qoʻl siltab, ayol murdasi ustiga choyshab yopayotgan tibbiy ekspertga yuzlanib soʻradi:
— Oʻldirilganiga uch kun boʻlgandir?
— Ha, ikki-uch kun orasida. Ikkovi ham bir xilda pichoqlanibdi.
— Bir xilda?
— Ha, aniqroq xulosani yorib koʻrganimizdan soʻng aytaman. Hozir olib ketaveraylikmi?

Omonulloning ruxsati bilan murdalar choyshabga oʻralib olib chiqib ketildi. Shundan soʻng Omonullo «depara militsiyasidanman», deb oʻzini tanishtirgan yigitdan «kim xabar qilibdi, bildingizmi?» deb soʻradi.
— Marhumaning otasi. Ichkari uyda oʻtiribdi. Alamdan kuyib ketyapti.
— Bolasi boʻlgandan keyin kuyadi-da. Otamlatsang otamlatgin, boʻtamlatmagin, — Omonullo shunday deb beixtiyor jagʻini ushladi.
— Nima dedingiz, tushunmadim? — dedi yigit.
— Shunaqa maqol bor, — dedi Omonullo ogʻriqdan aftini burishtirib.
— Tishingiz ogʻriyaptimi? Bugun oʻzi gʻalati kun boʻldi. Mening boshim ogʻriyapti.
— Tishim ogʻriganda oldirib tashlovdim, — dedi Omonullo, yigitning izidan katta xonaga kirib.

Deraza tokchasiga tirsagini tiraganicha boshini changallab oʻtirgan Toshbolta Omonulloning ovozini eshitib, orqasiga qaradi.
— Bandalik ekan, otaxon, Xudo sizga sabr bersin,— dedi Omonullo u bilan koʻrisha turib.

Toshbolta yaqin odamidan hamdardlik soʻzlarini eshitganday avval lablari titradi, soʻng hoʻngrab yubordi. Omonullo uni yelkasidan quchib, «bardam boʻling», deb qoʻydi.

Toshbolta ovunguniga qadar xonaga nazar tashladi: televizor ustidagi surat uning diqqatini tortdi. Goʻzal juvon yonidagi malla odamdan nari qochmoqni ixtiyor etib, oʻng tomoniga surilmoqchiga oʻxshab oʻtiribdi. Koʻzlariga baxtiyorlik emas, loqaydlik muhrlangan. Malla odam esa goʻzal juvonga yaqinlashish istagida boshini u tomon sal egib olgan. «Bular kim boʻldi? — deb oʻyladi Omonullo. — Oʻldirilgan juvonmi? Yonidagisi-chi? Oʻlgan erkak malla emasdi, yoshroq ham edi...»
— Qizingizmi bu? — deb soʻradi Omonullo, Toshbolta yigʻidan toʻxtagach.
— Ha, — dedi Toshbolta xoʻrsinib.
— Yonidagi-chi?
— U... kuyov, eri...
— Eri? Qaysi? — Omonullo shunday deyishga deb, nojoʻya savol berganini darrov fahmladi. Yaxshiki Toshbolta garangsib turgan edi. Yoʻqsa, bu savolni eshitib «nima demoqchisan? Qizimning oʻnta eri bormi?!» deb bobillab berishi tayin edi. Omonullo chalgʻimaslik uchun gapni maromiga toʻgʻriladi:
— Demak, bu kishi kuyovingiz. Oʻldirilgan-chi? U kim?
— Tanimayman u buqachani! — dedi Toshbolta zarda bilan.

«Buqacha? Nega unaqa deyapti? Qizining oʻynashimi u? Balki bu odam faqat qizining oʻlimidangina emas, nomus azobidan ham ezilayotgandir? Bechora...»

Shu fikrda Toshboltaga astoydil achindi. Oʻlim — haq. Rizq qirqilgan ekan, iloj yoʻq. Ota bir kunmi, bir yilmi kuyar, oqibat dard sovib, taqdiriga tan berar. Oʻz umri shomining ham yaqinlashib qolganini fahm etib, farzandi bilan u dunyoda koʻrishmoq orzusida yashar. Lekin «oʻynashi bilan birga oʻldirilibdi», degan isnod oʻti sovumas, to joni chiqquniga qadar yurak-bagʻrini kuydirib xarob qilar.

Shunday fikrdagi Omonulloning unga rahmi kelardi.

O, gʻofil banda! Oʻz qiziga oʻlim eshiklarini ochib bergan zot aynan ana shu odam ekanini bilsami edi, unga achinmas, bil’aks, nafrat oʻqlarining barini unga sochgan boʻlardi.

Dunyodagi odam zotining qarichi bir-biriga mos kelmaydi. Barmoq izlarining ham oʻxshashi yoʻq. Shu kabi baxt haqidagi tushunchalar ham bir-biriga oʻxshamaydi. Agar baxt oʻlchovli narsa boʻlsa edi, uni har kim oʻz qarichi bilan oʻlchaydi, demoq mumkin edi. Agar baxt koʻzga koʻringuvchi narsa boʻlsa edi, uni har kim oʻz koʻzi bilan koʻradi, desak yanglishmas edik. Ayrim odamlar rangni farqlay olmaganlari kabi baxt bilan baxtsizlikning chegarasini bilmaydilar. Mashoyixlar «senga asal boʻlib tuyulgan asli zahardir, zahar boʻlib tuyulgani esa asaldir», deb bejiz ogoh etmaganlar.

Bani Odam faqatgina baxt yoki baxtsizlik nima ekanini farqlay olmasa, unchalik ajablanmasa ham boʻlar, «farosatsiz, adashgan banda», deb qoʻyilar. Ammo oltmish yilga yaqin umr koʻrgani holda nima uchun odam boʻlib tugʻilganini, nima uchun yashayotganini, kaltakesakdan yoki suvarakdan nimasi bilan farqlanishini fahm etmasa, qanday xulosa qilmoq mumkin? Balki bunday kimsalar yorugʻ jahonda ozdir? Oz boʻlsa-da, shularning biri — hozirgina hoʻngrab yigʻlab, boʻzlayotgan ota — Toshboltadir. Balki olam aro yagonadir. Agar shunday boʻlsa, oʻsha bittaginasi ham shuning oʻzidir.

Omonullo uning ichini qandaydir dard, qandaydir pushaymon kemirayotgandir, deb xayol qildi. Kishida dard, pushaymon boʻlmogʻi uchun ham iymon lozimligini esa fahm etmadi.

Ilohi bandaman, bechoradurman,
Havoyi nafs ila ovoradurman.
Erurman barcha nuqsonimgʻa iqror,
Musulmon oʻgʻli qilmas ishlarim bor...

Bunday demoqlik uchun, bu iqror va tavba uchun Odam bolasiga nechogʻlik iymon zarur?

Omonullo buni bilmaydi. Aniqroq aytilsa, bunday tushunchadan u ham yiroq.

Toshboltadagi iymon darajasini aniqlashga banda ojiz. Bu balki qabrga kirganda, balki qiyomatda aniq boʻlar, vallohi a’lam...

Ayni choqda u kuyib yigʻladi. Shu oqibatga olib keluvchi muqarrar boʻlgan yoʻlni oʻzi tanlaganini esa oʻylamasdi. «Hozir dard ichida shundaydir» dersiz? Balki... Ammo haqiqat shuki, dard sovuganidan soʻng ham oʻylamaydi buni. «Qizimga oʻzim oʻlim hukmini yozganman», demaydi.

Tursunalining osh-ovqatini pishirib yursa ham kam boʻlmas edi. Qoʻshmachilik qilishiga balo bormidi? Oʻz qizining nomusini nafsi uchun qurbon qiluvchi otalarni nima uchun yer yutmaydi ekan? Bundaylarni yer bagʻriga olmoqdan hazar qilar, oqibatda bundaylardan hatto doʻzax olovi ham nafratlanar...

Toshbolta xojasining nafsi buzuqligidan foydalanib, uni qizining nomusi evaziga jilovlab olishni xayol qilgan edi. Bunga erishganday boʻldi ham. «Bir isqirtga xotin boʻlib koʻylak-ishtonlarini yuvib yurgandan koʻra, direktorning oʻynashi boʻlib, zebu-zarga burkanib yallo qilib yashagan afzal» — Toshboltaning hayotdagi falsafasi shu boʻldi. Ajabki bu «falsafa» qiziga ham ma’qul keldi. Tursunalining xumor qarashlariga mast boʻlgan qiz otasi koʻrsatgan yoʻlga osongina kirdi.

Jilva bilan chorlagan bu yoʻlning oxirida yuragiga pichoq sanchilajagini, qarovsiz iriy boshlagan murdasini choyshabga oʻrab olib chiqib ketajaklarini oʻshanda oʻylab koʻribdimi?

Endi diydiyodan ne foyda? Hukm ijro boʻldi — qilmishga yarasha ajr berildi.

Omonulloga bu xonadon ahlining hayoti qorongʻu. Xonadagi horij jihozlarining koʻrkamligiga qarab turib «yomon yashashmas ekan», degan dastlabki xulosaga keldi, xolos.

Murdalarga koʻzi tushganida «er-xotin ekan-da», deb oʻylagan edi. Darvoqe, unga xabar berib, bu yerga yoʻllaganlarida «erkak-xotin oʻldirilgan», deyishgan, Omonullo esa buni «er-xotin» deb tushungan edi. Bu odam esa «Buqacha» deb turibdi. «Demak, oʻynashmi? Unda qotil kim? Erimi?.. Xotinini birov bilan aysh qilib yotganini koʻrib... Balki mana shu otaning oʻzidir? Qizining qiligʻidan isnodga qolib... Ular oʻynashganmi?.. Ikkovi ham kiyimda... Hatto ayol uy kiyimida emas... Balki endi boshlashmoqchi boʻlishganda...»

Omonullo oʻng tomondagi eshik balki yotoqxonadir, degan fikrda oʻsha tomon yurdi. Uning maqsadini anglagan Toshbolta «Bu yer mening xonam», deb izoh berdi. Bu izohning zamirida «bu xonaga kirmaganingiz ma’qul» degan maqsad ham mavjud edi. Omonullo bu maqsadni fahmlagan boʻlsa ham, e’tiborsiz tarzda eshikni ochib, ichkariga bir qadam qoʻydi: deraza yonida javon. Guldor gilam xonani enlab turibdi. Oʻrtada uchta katta jomadon, ikkita boʻgʻcha...
— Bular siznikimi? — deb soʻradi Omonullo ostonaga yaqinlashgan Toshboltaga oʻgirilib.
— Ha... bugun yoʻldan keldim.
— Yoʻldan?— Omonullo ajablandi.— Qaysi yoʻldan?
— Oshna-ogʻaynilar bilan qoʻshilib, Irkutskka boruvdim.
— Oʻynaganimi?

Omonullo bu yoshdagi odamlarning Sibir tomonlarga oʻynagani bormasligini bilsa ham atay shu savolni berdi. Lekin oʻzi kutgan «Ha», degan javobni olmadi. Toshbolta jomadonlarga xavotir koʻzi bilan boqdi-da:
— Ozgina pamadori olib bordik. Tomorqadan...— dedi.

  

— Tomorqadan? Tomorqa... shu uydami?
— Bu uyda tomorqa nima qiladi? Men bu yerda muqim turmayman. Asli choʻlda yashayman. Bu buyumlar meniki emas. Sheriklarimniki. Ichida nimalar borligini ham bilmayman.
— Sheriklaringiz kim edi?

Toshboltaning rostdan ham sheriklari bor edi, ularni nomma-nom aytdi. Omonullo yon daftar chiqarib yozib oldi. Yoza turib «ishiga pishiq bu odam. Qizi oʻlib yotgan boʻlsa ham, jomadonlarini olib kirib joylashga oʻzida kuch topibdi. Qoyilman... Balki boshqa narsalarni ham joylab tashlagandir?..» — deb oʻyladi.
— Sheriklaringiz uygacha birga kirishdimi?
— Yoʻq, ular shahar aylangani ketishuvdi.
— Demak, biror soatlardan keyin kelib qolishadimi?
— Kim biladi? Balki kelishmas, qishloqqa joʻnavorishar.
— Buyumlari-chi?
— Buyumlari tursa turaveradi, sasib ketarmidi?
— Poezdda keldinglarmi yoki samolyotdami?
— Samolyotda bosh aylanadi, ham qimmat. Bizlarga poezd durust.
— Biletni tashlab yubormagandirsiz?
— Biz qishloqi odam, bilet-miletni bilmaymiz. Paravodnik bilan kelishib kelaverganmiz. Ketishda ham shunaqa boʻlgan.
— Pravodnikning otini bilasizmi? Nechanchi vagon?
— Nima, mendan gumon qilyapsizmi? Oʻz qizimni-ya?!
— Kimdan gumon qilishimni oʻzimga qoʻyib bering. Eshikni birinchi boʻlib siz ochib kirgansiz, xabarni ham siz bergansiz. Mening odatim shunaqa, ishni shu birinchidan boshlayman. Qaysi vagonda kelgansiz?
— Yettinchi.
— Kuyovingiz qaerda?
— Kuyovim... ishda boʻlsa kerak?
— Ishda? Bular oʻldirilganiga uch kun boʻlgan. Kuyovingiz uch kundan beri ishdami? Kasbi nima kuyovingizning?
— Kuyovim olim. Yoz paytlari bir kun uyda boʻlsa oʻn kun togʻda yuradi.
— Geologmi?
— Unisini bilmadim. Lekigin toʻgʻri Maskovning oʻzi bilan gaplashadigan bola. Tagida vertoleti bor.
— Farzandlari... yoʻqmi?
— Yoʻq...
— Turmush qurishganiga qancha boʻldi?
— Ikki-uch yil boʻldi... Qizim uning ikkinchi xotini. Avvalgisidan ajralib, ancha vaqt xotinsiz yurgan ekan.

Omonullo katta xonaga, undan dahlizga qaytdi. Oshxonaga qaradi. Hamma yoq sarishta. Yaqin orada birov bunda choy ham ichmagan. Omonullo chap tomondagi eshikni ochdi. Yotoqxona ham sarishta. Oʻrin usti hatto gʻijimlanmagan. Omonullo oshxonadagi ekspertni yoniga chaqirdi:
— Oʻrin ustini, piyolalarni tekshirish esdan chiqmasin. Eshik qulfini ham koʻrish kerak. Begona kalit tushgan-tushmaganini menga aniqlab berasiz.

Ekspert «xoʻp» deb iziga qaytgach, Omonullo yana Toshboltaga yuzlandi:
— Uyga kirib hech narsaga tegmadingizmi?
— Nimaga tegaman? Oʻzim bu ahvolda... — dedi Toshbolta yigʻlamsirab. — Uka, shu yoshga kirib bir roʻshnolik koʻrmagan odamman. Mening boshimga tushganlar itning boshiga tushmasin. Shu yoshga yetganimda menga ilmang bu qotillikni.

Omonullo bu gapdan achchiqlandi.
— Kim sizga ilyapti?— dedi ovozini balandlatib.
— Hozir-ku ilmassiz... keyin jinoyatchini topolmasangiz men siz uchun tappa-tayyor goʻshtman. Bilaman, hali mening hayotimni ham kavlashtirasiz. Qamalib chiqqanimni bilganingizdan keyin osongina menga ilib qoʻya qolsiz. Xudodan qoʻrqing, uka, bunday qilmang.

«Nima qilay: soʻkib beraymi yo tushuntiraymi?» deb oʻyladi Omonullo. Keyin soʻkish ham, tushuntirish ham foydasiz, degan toʻxtamga kelib, xuddi hech qanday tuhmatni eshitmaganday soʻroqni kelgan joyidan bir maromda davom ettirdi:
— Uyga kirganingizda yozugʻliq dasturxonni koʻrgandirsiz. Yoki piyolalar yuvuqsiz boʻlgandir. Shularni yigʻishtirmadingizmi?
— Hech narsaga tegmadim, faqat tilpon qildim, — dedi Toshbolta zardali ovozda.
— Leytenant! — Omonullo shunday deb dahlizda turgan yigitni chaqirdi. Depara vakili chaqiriqqa mahtal turganday shu zahotiyoq ostonada paydo boʻldi: — Murdalarning shaxsi aniqlandimi?
— Bittasi aniq: Nafisa Boltaeva. 1959 yilda tugʻilgan. «Umid» kooperativida hisobchi boʻlib ishlaydi. Yigitning choʻntagidan faqat shu guvohnoma chiqdi, birga ishlashar ekan.

Leytenant shunday deb koʻk muqovali guvohnomani uzatdi. Omonullo guvohnomadagi suratda boqib turgan chehraga qarab «koʻrkam yigit ekan, oʻynash boʻlishga arziydi», deb qoʻydi. Soʻng yozuvlarni ovoz chiqarib oʻqidi: — «Faoliyati cheklangan «Umid» kooperativi. Sanjar Ibrohimov, Bosh direktor oʻrinbosari...» Tanirmidingiz bu odamni?
— Yoʻq,— deb javob qildi Toshbolta toʻnglik bilan.
— Leytenant, kooperativga borib xabar qiling. Marhumlarning shaxsini aniqlab, natijasini oqshomda menga yetkazasiz.

Leytenant itoat bilan chiqqach, Omonullo Toshboltadan kuyovi ishlaydigan joyning telefonini soʻradi. Toshbolta avvaliga yelka qisdi, soʻng qizil muqovali daftarni varaqlab «O» harfli sahifani ochdi-da, yuqoriga katta-katta qilib yozilgan raqamlarga barmogʻini bigiz qilib koʻrsatdi:
— Shu boʻlishi kerak. Lekin oʻzi tilponda oʻtirmaydi, chaqirib berishadi. Qizim shunaqa deganday boʻluvdi.

Omonullo choʻntagidan olgan roʻmolchasi bilan goʻshakni ushlab koʻtardi-da, daftarchadagi raqamni terdi. Dam oʻtmay «Eshitaman, gapiring», degan ayol ovozi keldi.
— Menga Samandar Ochilov kerak, — dedi Omonullo.
— Kim soʻrayapti, nima ishingiz bor?

«Olim odam ishlaydigan joyda ham shunaqa qoʻpol gaplashishadimi?»

Shunday deb oʻylagan Omonullo savolga keskinroq javob qildi:
— Men militsiyadanman. Nima ishim borligini oʻziga aytaman.
— Ochilov safarda.
— Qaerda, qachon ketgan?

Ayol darrov javob qaytarmadi. Omonulloning nazarida u kim bilandir gaplashib olganday boʻldi.
— Iltimos, oʻzingizni tanitsangiz, — dedi ayol bir daqiqalik sukutdan soʻng.

Omonullo kimligini aytgach, yana bir necha nafas jimlik hukm surdi. Soʻng goʻshakdan erkak ovozi eshitildi:
— Oʻrtoq kapitan, zarur gapingiz boʻlsa, kelib gaplashing. Telefonda aytib boʻlmaydigan ma’lumotlar ham boʻladi, oʻzingiz bilasiz.

Erkak shunday deb manzilni qisqa tarzda tushuntirgach, xayr-ma’zurni nasiya qilib aloqani uzdi.

Omonullo ularning gap ohangidan «toʻgʻri Maskov bilan gaplashadigan bola»ning ishi Davlat siri majmuasiga aloqador ekanini fahmladi. «Tagida vertolyoti» bor odamni topib gaplashish oson boʻlmasligini ham angladi.
— Qizingizning, turmushi yaxshimidi? Eridan hech nolimasmidi? — deb soʻradi Omonullo goʻshakni joyiga qoʻygach.
— Nimaga noliydi? Uyi bor, usti but, qorni toʻq...
— Farzand-chi?
— Farzandmi?.. Kuyovning ishlariga halaqit berar ekan. Bu ishlari ham toʻgʻri: itvachchalarni koʻpaytirishning nima keragi bor?

Omonullo bu gapni eshitgach, etlari jimirlashib ketdi. «Bu asli odammi yo molmi? — deb oʻyladi unga tikilib qarab. — Mol ham nasl qolirishga oʻzida tabiiy ehtiyoj sezadi. Oʻziga nabira boʻlishi mumkin goʻdakni «itvachcha» deyishi... Yo «shu kuyovdan tugʻilgan bola «itvachcha» boʻladi», demoqchimi? Kuyovni yoqtirmaydimi?»
— Qizingiz yosh, chiroyli ekan, — dedi Omonullo undan koʻz uzmagan holda. — Kuyovingiz rashk qilmasmidi?
— Bilmadim... Qizim siz oʻylagandek chakki yurmagan.
— Men oʻylagan? — Omonulloning tishi zirqirab, jagʻini ushladi. — Men hali bunaqa oʻyga kelmadim.
— Savollaringiz gʻalati-ku? Surishtirishingiz ham... Qizimning chiroyli boʻlgani bilan nima ishingiz bor?
— Bilib qoʻying, — dedi Omonullo unga qoʻlini bigiz qilib, — qizingizga aloqador gap — kattami, maydami farqi yoʻq — ishimiz boʻladi. Sizning ishingiz esa, mening savollarimga toʻgʻri javob qaytarish, menga tanbeh berish emas. Tushundingizmi? Avval qamalgan boʻlsangiz bunaqa gaplarni yaxshi bilishingiz kerak. Ana endi ayting: kuyovingiz bilan qizingiz qaerda, qay tarzda tanishishgan?
— Bilmayman. Qizimni qaerdadir koʻrib yoqtirib qolgan ekan. Sovchi qoʻydi. Oʻrtada nozik odam turgan edi, xoʻp, dedik.
— Sovchi kim edi?
— Sovchimi?... U hozir yoʻq.
— Oʻlganmi?
— Nega oʻlarkan? Qamoqda u. Sovxozimizning direktori edi, tuhmat bilan ketdi.

Omonullo Tursunalining ismi-nasabini yozib olish chogʻida koʻz qiri bilan Toshboltaga qarab unda yengil sarosima sezdi. «Harholda bularning nikohida bir sir bor, — deb oʻyladi u. — Yosh, goʻzal qizning bunaqa taviyaga ikkinchi xotin boʻlib tegishi qiziq...»

Omonullo Tursunalini surishtira boshlaganida Toshboltaning ovozida hadik sezildi, barmoqlari esa yengil titradi. «Hali bu «bechora ota» bilan koʻp otamlashamiz, bugunga shu ham yetar», degan fikrda daftarchasini yopib choʻntagiga soldi-da, «Endi bardam boʻlaverasiz, Xudo sizga sabr bersin», deb yana bir marta ta’ziya bildirdi. Soʻng doktiloskopistning ishini birpas kuzatgan boʻlib, tashqariga chiqdi. Zina panjarasiga suyanib pichirlashib turgan uch ayol bilan qaytadan salomlashdi.

Omonullo «xotinlar bor joyda bizga ham, sudga ham hojat yoʻq», deb hazillashardi. Bu hazil bejiz emas. Jinoyat yuz bergan yerda kim birinchi paydo boʻladi? Militsiyami yoki xotinlarmi? Militsiya jinoyatchini haftalab yoki oylab qidirib topadi. Sud ishni haftalab oʻrganadi. Xotinlar esa bu yumushlarni bir necha daqiqada, nari borsa bir soatda ogʻizlari bilan boplab bajarib qoʻyishadi. Hamisha qosh-qovoqqa qarab yashovchi ma’suma ayol ham bunaqa paytda «siz aralashmang!» deb erini uyiga kiritib yuboradi. Oʻzi esa norasmiy sud hay’ati a’zosi sifatida faoliyatini boshlaydi. Bu safar ham yozilmagan qoida amal qilgan, guvoh sifatida faqat xotinlar toʻplanishgan edi.

Omonullo ostonada paydo boʻlishi bilan koʻrinishi King Kongning uzoq qarindoshlarini eslatuvchi xotin ovozini sal balandlatib «Otish kerak, — dedi. Soʻng qanday otish lozimligini ham aniqlab berdi: — Stadionga yuz ming odamni toʻplab, peshonasidan otish kerak. Televizorga ham olib berish kerak».

Omonullo suhbatni ana shu ogʻzi botir xotin bilan boshladi:
— Qaysi xonadonda yashaysiz, opa? — deb soʻradi u choʻntagidan daftarcha chiqarib.
— Mening uyim bu yerda emas, magazinning tepasidagi doʻmda turaman, — dedi ayol.
— Oʻlganlarni tanirmidingiz?
— Yoʻq-a, men nonga chiquvdim. Xotinlar gapirayotgan ekan, kelaverdim-da.
— Oʻldirgan odamni koʻrdingizmi?
— Voy, nega men koʻrar ekanman?
— Kimni peshonasidan otmoqchisiz?
— Oʻsha oʻldirgan odamni-da.
— Kim u?
— Bilmayman.
— Non oldingizmi?
— Non? Nimagaydi?
— Eringiz nonsiz och oʻtiribdi. Boraqoling.
— Voy, savil, meni tergaydigan ham, och oʻtiradigan ham erim yoʻq, Xudoga shukr. Haydamasangiz ham ketaman. Sassigʻini hidlab turishga koʻzim uchayotgani yoʻq! — Shunday deb mingʻirlaganicha zinadan pastga tusha boshladi.
— Biz bilganlarimizni yordamchingizga aytdik, — dedi ayollardan biri.
— Biz guvoh ekanmiz, ismlarimizni ham yozib oldilar, — dedi ikkinchisi.
— Nimalarni bilasiz? Nimalarni aytdingiz?

Ularning bilganlari: Nafisa qoʻni-qoʻshnilarga uncha aralashmaydigan «yovvoyiroqmi» yoki «kibrli- mi» ayol. Ishga borish-kelishida yoʻlakda yoki koʻchada koʻrishsa koʻrishardi, boʻlmasa yoʻq. Bozor-oʻchar qilganini, qoʻllari tolib sabzi-piyoz koʻtarib kelganini yoki doʻkondan non olganini birov koʻrmagan. Er-xotinning urishganlari u yoqda tursin, gap talashishganini ham eshitishmagan. Faqat ikki oymi, uch oymi avval bitta xotin kelib janjal qilganday boʻlibdi. Mana shu soʻnggi xabarda, Omonulloning nazarida, jon borday sezildi.
— Qanaqa xotin edi? — deb aniqlamoqchi boʻldi.
— Biz tengi, oʻrta yosh,— dedi Omonulloga yaqin turgan ayol. Soʻng «chiroylikkina» deb alohida izoh berdi.
— Kimligini bilmaysizmi?
— Yoʻ-oʻq, tanimaymiz u xotinni. Oʻsha kuni men qizimni kuzatgani chiquvdim. Shu yerda roʻpara boʻlib qoldim. Yonida bir erkak ham bor edi. Erkagini sal tanidim. Oldingi eri bilan kelib turardi.

Keyingi gap Omonullo uchun kutilmagan boʻldi:
— Oldingi eri? — deb har ikki ayolga bir-bir qarab oldi. — Samandar Ochilov ikkinchi erimi?
— Oldingisini erimas, devdingiz? — dedi gapga qoʻshilmay turgan ayol.
— Bir pas jim turing, endi, — deb jerkidi Omonullo bilan gaplashayotgani. — Oʻlgan odamlar haqida yomon soʻz aytilsa gunoh boʻlarkan. Erimi yo boshqasimi, kimligini ukamning oʻzlari ajratib oladilar. Bu uyni olishganiga ancha boʻlgan. Avval muqim yashashmas edi. Birinchi eri bilan kelib-ketib yurishardi. Bir marta suv toshirib yuborib, pastdagilarning rasvosini chiqarishgan. Birinchi eri mard ekan, chiroyli qilib tuzatib berdi.

  

— Birinchi erining otini bilmaysizmi?
— Kim soʻrabdi, deysiz. Ikkinchisi bilan muqim yashayotgani uchun sal-pal taniymiz. Lekin bu ikkinchi erining ham yoʻq boʻlib ketadigan odati bor.
— Janjal qilgan xotinni kundoshi devdingiz, a? — deb gapga qoʻshildi nariroqda turgan ayol.
— Unaqa demaganman.
— Voy, devdingiz-ku...
— Demadim, oʻxshatuvdim. Nafisaning anavi baqiroq otasi gapirib qoldi-da, «Bu yerda ering yoʻq, ering Sibirda», dedi. Qizimni kuzatib kelayotsam yana shu xotinga roʻpara boʻldim. «Men tilanchi emasman!» deb eshikni qarsillatib yopdi. Yuragim chiqib ketay dedi.
— Sherigi-chi? — deb soʻradi Omonullo.
— Qaysi sherigi? Ha, anavi erkakmi? Uni koʻchada koʻrdim. U uyga kirmagan shekilli.
— Keyingi bir haftami, oʻn kundami notanish odamlar kelib-ketishmadimi?
— Buni biz bilmaymiz, oposi. Bizning gap poylaydigan odatimiz ham, vaqtimiz ham yoʻq. Bu doʻmga, roʻparadagi doʻmga kim kelib-ketayotganini bilsa, Abduqayum biladi.
— Kim u?
— Tepadagi qavatda bitta bola bor. Belidan pasti ishlamaydi. Uzzu-kun aravachasida oʻtirib olib, koʻchaga qaragani qaragan. Bir xil paytda suratga ham oladi.
— Samandar Ochilovni oxirgi marta qachon koʻrdingiz? Oʻn kun boʻldimi yo yigirma kunmi?
— Voy, nega oʻn kun boʻlarkan? Uch kun yoki... ikki kun boʻldi. Yoʻlakdan chiqaverishda roʻpara kelib qoldim. Salom bersam alik olmadi. Men ranjimadim. Shunaqa telba-teskari odati bor odam-da u. Bir hil paytda oʻzi salom beradi, bir xil paytda xoʻmrayib oʻtib ketadi.
— Oʻsha kuni Nafisanimi yo oʻldirilgan yigitnimi koʻrmadingizmi?
— Yoʻ-oʻq koʻrmadim...

Narida turgan ayolning yerga qaraganini sezgan Omonullo undan alohida soʻradi:
— Siz ham koʻrmadingizmi?

Ayol unga qaramagan holda past ovozda «yoʻq», deb qoʻydi. Undagi oʻzgarish Omonulloning diqqatidan chetda qolmadi. «Vaqti kelganda oydinlashtiraman», degan maqsadda sir boy bermadi.

Uning sezgisi aldamagan edi: ayol uch kun oldin Nafisani bu yigit bilan koʻrgan, «juvon oʻlgur eri yoʻgʻida oʻynashini boshlab keldi», deb sirdosh qoʻshnisiga aytgandi. Hamma gapni aytaverib keyin balolarga qolmaslik uchun ikkovi ham jim qolishni ma’qul koʻrishdi.
— Oʻldirgan odamni topsangiz otiladimi? — deb soʻradi Omonulloning savollariga javob berayotgan gapdon ayol.
— Siz otilsin, desangiz, otildai.
— Voy, menga nima, battar boʻlmaydimi! Endi ketaveraylikmi?
— Yana ozgina turing, iltimos. Ekspertlarning ishi chiqib qolishi mumkin.

Omonullo shunday deb ayollar aytgan bola bilan uchrashish niyatida yuqoriga koʻtarildi. Eshik qoʻnQiroQi tugmasini bosishga ulgurmay ichkaridan:
— Kiravering, eshik ochiq, — degan ingichka, ammo jarangli ovoz eshitildi.

Omonullo bu taklifga binoan eshikni ochib, ostona hatlashi bilan oʻsha ovoz «poyabzalni yechish lozimligini» eslatdi. Bir necha nafaslik sukutdan soʻng esa, «Endi toʻgʻridagi xonaga kiravering», deb taklif etdi.

Toʻgʻridagi xona eshigi lang ochiq edi. Omonullo ostona hatlay turib beixiyor oʻng tomonga qaradi: enli deraza yonidagi kichkina karavotda boshi katta odamlarniki kabi, boʻynidan boshlab to oyogʻining barmoqlarigacha toʻrt yashar goʻdakni eslatuvchi, bola desa bolamas, yigit desa yigit deyish mushkul boʻlgan, qoʻllariyu yelkalari chandib bogʻlangan bir odam yostigʻiga suyanib, chordona qurib oʻtirardi. U salom bergach, koʻz ishorasi bilan stulni koʻrsatib «Marhamat, oʻtiring», deb iltifot qildi. Soʻng:
— Abduqayum Mahkam, — deb oʻzini tanitdi. — Uzr, siz bilan qoʻl berib koʻrisholmadim. Falokatni qarang, suyaklarim sal ezilibdi. Chiqib kelayotganingizni oyoq tovushlaridan bildim. Xudo menga gavda bermagani bilan quloq bergan. — U shunday deb kuldi. Uning kulgisi begʻubor, koʻz boqishlarida esa mas’udlik bor edi. Qorachadan kelgan bu yigitchaning yuzlarida Omonulloni ajablantirgan bir nur zohir edi. «Ajablantirgan» deyilishining boisi — bu nur «iymon nuri» deyilarki, bu marhamatga, bu ajrga qanday amallar evaziga yetishmoq mumkinligini Omonullo hali bilmas edi. Shu bois ham «bunaqa ahvoldagi odam ham baxtiyor boʻluvi mumkinmi?» degan fikr xayolini bir yoritib oʻtdi.
— Oʻtgan kuni fotoapparatni sozlayman, deb yiqilib tushdim. Falokatni qarang-a!

Omonullo deraza tokchasidagi teleob’ektivli foto-apparatga nazar tashlab qoʻydi. Buni sezgan Abduqayum:
— Bu mening ovunchogʻim, — deb izoh berdi. Soʻng mehmondan nigohini uzmagan tarzda: — kelishingizni bilardim, — dedi.
— Qiziq... qanday bila qoldingiz? Folbinlik ham qoʻldan keladimi?
— Yoʻ-oʻq, — Abduqayum yana kuldi. — Bunaqa gunoh ishlardan Xudo asrasin. Diqqat qiling-a, atrofimizda sodir boʻlayotgan yoki endi boʻluvchi har bir voqea bir-biri bilan mantiqan bogʻlangan. Biz faqat bunga e’tiborsiz yuramiz. Mantiqan bogʻlanuvchi voqeani biz koʻpincha tasodif deb bilamiz. Sizning bu uyga kirishingiz tasodifmi yoki mantiqan bogʻlangan voqealar zanjirining bir halqasimi? Yoki: siz tekshirayotgan qotillik tasodifmi yoki bir umrning mantiqiy yakunimi? Siz bilan men uchun bu fojia kutilmagan tuyuladi. Aslida-chi? Olloh hamma narsani mantiq iplari bilan bogʻlab tashlagan.

Omonullo bu gaplarni eshitib lol qoldi. «Gavdaning oʻrniga quloq bergan, deydi. Quloq emas, aql bergan ekan-ku», deb oʻylab, uning gaplarini jimgina tinglayverdi. Abduqayum esa jiddiylashib borayotganini anglab, shirin jilmaydi:
— Mana, qarang, ajal tigʻi ikki kishini oʻt oʻrganday oldi-ketdi. Kasallik bilan jon berishsa birovning, ayniqsa, sizning ishingiz boʻlmas edi. Ular oʻldirilibdi. Aslida ularning rizqi tugagan. Olloh ularning jonini alohida, alohida, biron xastalik bilan olinishini ixtiyor etishi mumkin edi. Yoʻq, Yaratganning xohishi aynan shu boʻldi. Balki ular shunga yarasha gunoh qilgandirlar. Balki Robbimiz ularning bu holatini boshqalarga oʻrnak qilib koʻrsatmoqchi boʻlgandir. Buni bilmaymiz. Bilganimiz — zulm sodir boʻldi. Zulm boʻlgach, militsiya keladi. Militsiya kelgach, albatta, qoʻshnilar bilan gaplashadi. Qoʻshnilar kim? Albatta, hamma narsadan xabardor boʻlishni istaydigan mening mehribon opoqilarim. Ular esa, bilgan-bilmaganlarni qalashtirib aytib tashlashgach, oxirida mening ismimni tilga olishadi. «Bilsa shu bola biladi», deyishadi. Opoqilarim tushmagurlar meni koʻchani kuzatishdan boshqa tashvishi yoʻq, deb oʻylashadi. Bozor-pozorga tushib chiqishgandan soʻng «Biznikiga hech kim kelmadimi?» deb soʻraydigan odatlari bor. Militsiyaga ham menga oʻxshagan odam kerak. Toʻgʻrimi? Ana endi siz «uch kun oldin begona odam koʻrinmadimi?» deb soʻraysiz.

Omonullo «Hozirgi yoshlar urdi-surdi kinolarni koʻraverib, kitoblarni oʻqiyverib, hammalari izquvar boʻlib ketishgan», deb oʻylab, jilmayib qoʻydi.
— Ha, soʻramaysizmi? — dedi Abduqayum uning jim turganidan ajablanib.
— Soʻramasam-chi? — dedi Omonullo kulimsiragan holda.
— Unda mantiq zanjiri uziladi: soʻramasangiz bu uyga kirmas edingiz. Siz mening qoshu koʻzimni koʻrgani kirmagansiz, toʻgʻrimi?
— Toʻgʻri. Lekin men sizdan boshqa narsani soʻrayman: uch kun oldin pastdan shovqin eshitilmadimi?
— Qanaqa shovqin?
— Masalan, erkak-ayolning janjalimi...
— Yoʻq.
— Avvalroq-chi?
— Avval?.. Yoʻq. Qotillik er-xotinning janjali oqibati desangiz yanglishasiz. U yer sokin xonadon edi.
— Lekin begona odamlar kelib turishgan ekan?
— Siznikiga kelishmaydimi? Mantiqning ildizi qaerda? Gap begonalarning kelishida emas, qanday maqsadda kelishida!
— Aytaylik... maqsad fahsh boʻlsin.
— Fahsh? Oshirib yubordingiz. Nafisa opa fohisha boʻlganida opoqilar adabini berib qoʻyishardi.
— Lekin ular gaplarida shunga shama’ qilishdi.
— Birinchi eri bor, deyishgandir yoki oʻynashi deyishgandir? Bilaman bu gaplarni. Oʻsha odamni taniyman. Lekin u anchadan beri koʻrinmay qoldi. Uch kun oldin kelgan yigit oʻynash boʻlmasa kerak.
— Demak, ularni koʻrgansiz? Bu odamni tanirmidingiz?

Bu savolni eshitib Abduqayumning chehrasi yorishdi:
— Baribir soʻraysiz, dedim-a! — Shunday deb kuldi. Soʻng jiddiylashib bosh chayqadi: — Yoʻq, uni tanimadim.
— Unda nimaga asoslanib oʻynash emas, deyapsiz?
— Yurishlari xotirjam edi. Hech qayoqqa alanglamay toʻgʻri yurib kelishdi. Oʻynash boʻlsa, «birov kuzatmayaptimi, tanishlarim koʻrib qolmasin ishqilib», deb xavotirlanadi. U yoq-bu yoqqa qarayveradi. Hech boʻlmasa, yoʻlakka kirishdan oldin orqasiga oʻgiriladi. Yo boʻlmasa, ayol kirib ketadi, sal oʻtmay oʻynash kiradi.
— Siz bu gaplarni qaerdan bilasiz? Xuddi butun umr oʻynashlarni kuzatib yurgan izquvarga oʻxshab gapiryapsiz?
— Bularni bilish uchun unchalik koʻp aql zarur emas.
— Boshqacharoq holat ham boʻlishi mumkinmi?
— Albatta-da! Siz bilan biz begona koʻzlarni chalgʻitishning mingta usulini sanab oʻtirganimizda qaysi bir uyda oʻynashlar bizning xayolimizga ham kelmagan ming birinchi usulda ishlarini boshlayotgandirlar.
— Ha, fikringiz mantiqan toʻgʻri. U holda, ayol eri yoʻq paytda begona erkak bilan nima maqsadda kelishi mumkin?
— Bunisini bilmadim. Bu faqat oʻzlariga ma’lum edi. Afsus shuki, oʻliklar gapirishmaydi.
— Ha, ayniqsa, biz uchun afsus aynan shunda, — deb Abduqayumning fikrini tasdiqladi. Omonullo. — Ular oʻzlari bilan juda koʻp sirlarin olib ketadilar.
— «Qabr — dunyo manzilining oxiri. Oxirat esa, manzilning boshidir. Modomiki, barchamiz qabrga kirar ekanmiz, qanday qilib kayfu safoga berilib, rohat-farogʻatda yuribmiz?»

Omonullo «Bunchalar aqlli ekan, bu yigitcha», deb oʻyladi. Abduqayum unig fikrnii oʻqiganday kulimsiradi:
— Aka, bu mening gaplarim emas. Bir valiulloh aytib oʻtgan ekanlar. Shoshilmayotgan boʻlsangiz, yana bir fikrimni aytaman. Faqat bekorchi gap deb oʻylamang. Shu ishingizga aloqador boʻlgani uchun aytmoqchiman. Demak, gap bunday: dunyo nimadir? Dunyo — oʻtkinchi bir mehmonxonadir. Dunyodagi eng ulugʻ boylik nimadir? Dunyoga berilmaslikdir. Dunyo boyligini afzal bilgan kishi zillatga, xorlikka, mol-dunyo toʻplagan kishi esa qashshoqlikka giriftor boʻladi. Dunyo nimaga oʻxshaydi? Dunyo — yasatilgan kelinchakka oʻxshaydi. Koʻzlar unga termulgan, qalblar esa mushtoqdir. Yasatilmish kelinchakka kimlar oshiq? Shubhasiz NAFS oshiqdir. Bu kelinchak oshiqlarning barchasini halok etadi. Hayotdagi tiriklar oʻliklardan, keyingilari oldingilaridan ibrat olmayaptilar. Uch xususni unutmaslik kerak: dunyoning oʻtkinchi ekanini, ne’matlarning ham oʻtkinchi ekanini, muqarrar oʻlimning haq ekanini.

Abduqayum «bu gaplar ta’sir qildimi, maqbul boʻldimi?» degan savol nazari bilan Omonulloga tikilib qaradi. Uning gaplariga mos ravishda nazari ham oʻtkir edi. Omonullo unga tik qaray olmadi.
— Yaxshi gaplarni aytgan ekan.
— Lekin... — Abduqayum kulimsiradi. — Hozir bu gaplarni eshitishga fursatingiz yoʻq. Koʻnglimni ogʻritmaslik uchun indamay tinglayapsiz. Balki menga rahmingiz kelayotgandir? Sizdan iltimos, rahmingiz kelmasin. Men oʻzimning shu taqdirimdan ham roziman. Harholda koʻryapman, eshityapman, gaplashyapman. Axir koʻrmaydigan, eshitmaydigan, tili aylanmaydiganlar ham koʻp-ku, toʻgʻrimi? Tan olaman, bir oz ezmaroqman. Lekin laqma emasman. Soʻrang, soʻrayvering.
— Oʻsha kunimi, oldinmi yo keyinmi Samandar Ochilov kelmadimi?
— Keldilar. Oʻsha kunning oʻzida bir koʻrindilar. Novvotrang «Volga»da keldilar. Shoshib tushib, shoshilib yoʻlakka kirdilar. Mashinada bitta harbiy odam ham bor edi. Pogoni koʻk, polkovnik. Ular ham shoshib turishgan ekan.
— Buni qaerdan bildingiz?
— Haydovchi uch marta signal berdi. Uchinchisida polkovnik eshikni ochib pastga tushdi.
— Ochilov taxminan qancha vaqt qolib ketdi?
— Taxminan yarim soatcha.
— Boltaeva bilan Ibrohimov bu paytda uyda boʻlganlar, shundaymi?
— Shundayga oʻxshab qoldi.
— Ochilov shoshib kirgan ekan, qaytishda-chi? Qanaqa ahvolda qaytdi, kiyim-boshlarida oʻzgarish bormidi?
— Kiyimlarida oʻzgarish sezmadim. Lekin sekin-sekin yurib chiqdilar. Qoʻllarida diplomat bor edi. Polkovnik bir nima devdi, unga javob qaytarmasdan indamay mashinaga oʻtirdilar. Mashina yurishidan oldin derazalariga bir qarab oldilar. Lekin siz bundan darrov bir xulosa chiqarmang.

Abduqayumning keyingi gapi Omonulloga malol keldi.

«Qimmatli maslahatingiz uchun rahmat, uka», deb piching qilmoqchi edi, tishi zirqirab, gapirtirmay qoʻydi. Mehmonning afti burishganini koʻrgan Abduqayum chegaradan chiqqanini fahmlab, uzr soʻradi:
— Gaplarimdan xafa boʻlmang, aka, mantiqan olib qaralsa, «er qotil» degan xulosa kelib chiqadi. Lekin bunaqa olim odamlarda rashk kuchli boʻlmaydi. Ular odam oʻldira olishmaydi. Nari borsa bir shapaloq urib, toʻnni yelkaga tashlab chiqib ketishadi.

Abduqayumning gaplarida jon boʻlsa ham Omonulloga malol keldi. Bir yigitchaning yoshi ulugʻ odam kabi fikr yuritishi, unga aql oʻrgatishi gʻashini keltirdi. Abduqayumning tugʻilib, tilga kirganidan beri oʻz tengdoshlari bilan oʻynab-kulolmay, yotgan yerida faqat kattalar bilan suhbatlashishi oqibatida shunday sergap, shunday maslahatgoʻy boʻlib qolganining fahmiga yetmadi. Bu xonadonga kirib Abduqayum bilan suhbatlashgan har bir odam istasa-istamasa uning koʻngliga qarashga majbur boʻlar edi. Omonullo garchi gʻashi kelgan boʻlsa-da, bu yozilmagan qoidaga beixtiyor boʻysundi. Oʻzini kulimsirashga majbur etib:
— Sizdan xafa boʻlgan — oʻgʻri, — deb hazil qildi. Soʻng jagʻini ushlab, izoh berdi: — Tishim ogʻriyapti.
— Tishingiz ogʻrisa doʻxturga bormang. Men sizga davolashning osongina yoʻlini oʻrgataman. Tish nimaga ogʻriydi? Sovuq tekkani uchun. Sovuqni qanday haydaysiz? Bitta piyolani olib, ichiga yogʻ surasiz-da soʻng qizdirasiz...

Hozirgina yigitchaning oʻta dono ekanligidan gʻashlana boshlagan odam endi bu gaplarni jon qulogʻi bilan eshitdi. Maslahat soʻngiga yetguniga qadar nima maqsadda bu yerga kirganini unutdi. Yigitchaning maslahati bu safar moydekkina yoqdi. Afsuski, hozirgi tashvish bilan yaqin soatlarda uyiga borolmaydi. Kechasi ham borish nasib etadimi yo yoʻqmi — Xudo biladi. Ishdan holi boʻlganida hoziroq borib shu yigitcha aytganday piyolani qizdirib, chap qulogʻini qoʻyib yotarmidi, ogʻriq qaytib koʻzlari moshdek ochilarmidi...

Omonullo maslahatlar uchun rahmat aytib, oʻrnidan turdi.
— Telefoningizni ayting, qoʻlim tuzalsa qoʻngʻiroq qilaman. Balki yangi gaplar esimga tushib qolar?

Omonullo yon daftarchaga telefon raqamlarini yozayotganida Abduqayum yana donoligini boshladi:
— Amerikada shunaqa jinoyat yuz bersa «qotilni topgan odamga yoki xabar bergan odamga shuncha ming dollar mukofot» deb televizorlarida e’lon qilinadi. Shuning uchun ularda jinoyatchi tez topiladi.

«Xuddi Amerikada yashaydigan odamday gapiradi-ya!» deb oʻyladi Omonullo. Abduqayum esa davom etdi:
— Sizlar esa hammasini tep-tekinga bajarmoqchi boʻlasizlar. Shuning uchun odamlar sizlardan qochadi. Ish yolgʻiz oʻzlaringizga qolib ketadi. Bunaqa ishda sizga nisbatan guvohlarga qiyin. Guvoh jonini garovga qoʻyib aytadi aytadigan gaplarini. Yo notoʻgʻrimi?
—Toʻgʻri, — dedi Omonullo daftarchasidan sahifani yirtib olib unga uzatar ekan. — Mana shu ishni yumaloq-yostiq qilaylik, keyin ikkalamiz Amerika politsiyasiga borib ishlaymiz. Topganimiz — oʻrtada, kelishdikmi?

Bu gapni eshitib Abduqayum kulib yubordi. Uning kulgisi yosh bolaning kulgisiday jarangdor va samimiy edi.

Omonullo bu xonadondan dastlabki gumoniga quvvat olgan holda chiqdi. Qotil qiznig otasi boʻlishi ham mumkin, degan yana bir gumoni olinajak ma’lumotlardan soʻng haqiqatga yaqinlashganday boʻladi. Bugun esa qora roʻyxatga birinchi boʻlib Nafisaning eri Samandar Ochilov yozildi.

Odatda biron ayol qoqilib tushib jon bersa ham «eri urib oʻldirgandir» deb gumon qilinadi. Shunday ekan, Samandarning gumon oʻqiga nishon boʻlmogʻi tabiiy hol. Agar tibbiy ekspert qotillik ikki yoki toʻrt emas, aynan uch kun oldin yuz bergan deb tasdiqlasa, unda Samandarning boshiga balo toshlari yogʻilishi tayin.

Qonli girdob

Abduqayum yanglishmadi: Samandar oʻsha kuni uyiga kelgandi. Aslida uning uyga kelish niyati yoʻq edi. Rejasi boʻyicha, Nafisa ta’tilga chiqmoQi, u esa vertolyotni shaharga joʻnatmoQi lozim edi. Odam yetib kelishi mushkul boʻlgan, ammo tabiatning mavjud goʻzalliklarini oʻzida mujassam etgan bu darada Nafisa uzoQi bilan bir hafta chidab yashay olardi. Choʻlda oʻsgan bu juvonni goʻzal manzaralar ham, tongda bulbullarning sayrashi ham, pokiza buloq suvlari ham maftun qila olmasdi. Bir necha olimu xizmatkorlardan iborat bu «shaharcha»ga dastlab kelganidayoq «zindonning oʻzi-ku, bu yer» deb baho bergan, uch kunga arang chidagan edi. Samandarning birinchi xotini ham toqqa toqat qila olmasdi. U chodir atrofida oʻrmalab yurgan ilonni koʻrganidayoq chinqirib olamni buzgan, shu-shu bu yoqqa qadam bosmay qoʻygan edi. Samandar Nafisada ham birinchi xotinining qiliqlaridan bor ekanligini sezib gʻashlandi-yu, keyin oʻz ishlari bilan andarmon boʻlib e’tibor bermay qoʻydi.

Tursunali qamalgach, Nafisa bir necha hafta garangsib yurdi. Hatto eriga qaramay ham qoʻydi. Samandar «juda yaxshi koʻrar ekan-da», deb oʻyladi-yu, ammo xayoliga kelgan gaplarni tiliga chiqarmadi. Aksar odamlar tish faqat ovqat chaynash uchun mavjuddir, deb hisoblaydilar. Samandarning tishlari esa, ikkinchi vazifasini — tilga qoʻriqchilik yumushini ham bajaradi. Uning tili bekordan bekorga tish hatlamaydi. Samandarning fe’lini yaxshi bilgan kishi «bu malla odamni tashqariga sochilmay, ichiga yutilgan dardlari sargʻaytirib yuborgan», degan xulosaga keluvi tayin edi.

Samandar indamay qoʻya qolgani bilan qaynotasi jim turmadi: qizi Nafisani obdon siquvga oldi. Otasining gaplari ta’sir qildimi yoki sogʻinch dardi qarib, kuchdan qoldimi, harholda Nafisaning eriga boʻlgan munosabati yaxshi tomonga oʻzgardi. Ikkovlari chinakam er-xotin martabasiga yetishganday edilar. Samandar uchun kutilmaganda Nafisa bu yerga kelish ixtiyorini bildirib, sogʻinganini ma’lum qildi.

Ertalab nonushtada Samandar vertolet uchuvchisiga «tayyorlan, shaharga tushib, yangangni olib kelasan», deb tayinladi. Vertolet uchishga ulgurmay uning oʻzini markaz chaqirtirdi. Buyruq qisqa, ayni choqda tushunarsiz edi: «Soʻnggi ma’lumotlar masalasida tezda Moskvaga yetib keling».

Vertolet harbiy aerodromdagi oʻz maydonchasiga qoʻngach, novvotrang «Volga» yonida turgan polkovnik uni qarshilab, oʻzini tanishtirdi-da, «Sizni kuzatib borish menga topshirilgan», deb vazifasini bayon qildi. Soʻng markazni nima qiziqtirayotganini aytdi.
— Men uyga kirib-chiqishim kerak, ba’zi hisob-kitoblarim uyda, — dedi Samandar.

Polkovnik avvaliga norozi boʻldi. Samandar bu qogʻozlarsiz Moskvaga borish foydasiz ekanini aytgach, noiloj koʻndi.

Samandar uyga kirdi-yu, nima uchun kelganini unutdi.

Abduqayum yanglishmagan edi:

... yarim soatcha qolib ketdi...

Toʻgʻri, buning orasida tashqariga bir chiqdi. Oʻsha onda qoʻshni ayolga yoʻliqdi. Zinadan pastga tushayotib, nima uchun kelganini esladi-da, iziga qaytdi. Uning bu harakatini kuzatgan qoʻshni ayol «jinni-pinni boʻlib qolganmi yo mastmi?» deb oʻyladi. Ziyrak nigohi «bu telbaning» panjalari qon ekanini ham ilgʻadi. «Bir balo boʻldi» dedi-yu, oʻzini tezda ichkariga oldi.

Samandar uyiga qaytib, garangsigan bir ahvolda xonasiga kirdi-da, poʻlat javondan kerakli qogʻozlarini oldi. Qoʻlidagi qon yuqini yuvib tashlash xayoliga ham kelmadi. Faqat mashinaga oʻtirganida polkovnik «qoʻlingizga nima qildi?» deb soʻragach, panjalariga qarab ajablandi. Beixtiyor ravishda «shisha tilib ketdi», dedi. Yaxshiki polkovnik «qanaqa shisha? Qanday tarzda?» deb ezmalanmadi. Buning oʻrniga haydovchidan «aptechkang bormi?» deb soʻradi. Rad javobini olgach, choʻntagidan roʻmolcha chiqarib, Samandarga uzatdi-da, «Bogʻlab oling, samolyotda aptechka boʻlishi kerak», dedi.

Samandar roʻmolchani qon tekkan panjalari ustiga tashlab, holsizlanayotganini his qildi. Koʻngli aynidi. Oʻrindiqqa suyanib, koʻzlarini yumdi. Koʻz oldini qoplagan qora parda birdan qizil rang oldi. Samandar goʻyo qon girdobida qolganday boʻldi. Bu qon girdobi orasidan behisob qonli panjalar koʻtarilib uni boʻgʻa boshladi. Nafasi qaytib, baqirib yuboray dedi. Shoshilib koʻzlarini ochdi.

Uchoqqa chiqqunlaricha koʻngli behuzur boʻlib ancha toqatsizlandi. Uchoq oʻrnidan qoʻzgʻolmay turib polkovnik ensiz doka, dori koʻtarib kelib, «yarangizni bogʻlab qoʻyay», dedi. Garang boʻlib oʻtirgan Samandar «qanaqa yara?» deb yuborishiga sal qoldi. Yaxshiki qoʻlini «shisha tilib yuborgani» esiga tushdi. «Oʻzim yuvib, bogʻlayman», deb doka, dorini olib hojatxonaga oʻtdi, Qoʻlini yuvdi. Uchoq chayqala boshlagach, oʻzini tutolmay qayt qildi. Soʻng yuzlarini yuvib, koʻzguga qaradi. Koʻzguda uning aksi emas, Nafisaning «gunohim nima?» deb baqraygan koʻzlarini koʻrib, qoʻrqib ketdi. Beixtiyor orqasiga tisarildi. Koʻzgudagi baqraygan nigoh yoʻqolib, oʻzining aksi koʻrindi. Malla rangi oqarib oʻlik tusini olganday tuyuldi oʻziga. Yuzlariga asta shapatiladi. Soʻng panjasini doka bilan betartib ravishda bogʻlab joyiga qaytdi. Polkovnik uning bogʻlangan qoʻliga ajablanib qaradi-yu, «adashdim shekilli», deb oʻylab indamadi. Yoʻq, polkovnik yanglishmagandi: Samandar uyidan chiqib kelganda uning oʻng panjasi qon edi. Hozir esa chap qoʻlini bogʻlab olgandi.

Samandar polkovnik gapga tutmasin, degan maqsadda oʻzini ish bilan band qilib koʻrsatish uchun qogʻozlarni varaqladi. Bir oz vaqt oʻtgach, «ish bilan band» ekanini ham unutib, koʻzlari bir nuqtada qotdi. Askar yigit yaqinlashib, qahva uzatganini ham sezmadi. Polkovnik uning bilagiga qoʻlini astalik bilan qoʻyib:
— Oʻrtoq Bosh konstruktor, — dedi.

Samandar yengil seskanib, unga qaradi.
— Qahva iching, yengil tortasiz, — dedi polkovnik kulimsirab.

«Yengil tortasiz» — deb ajablandi Samandar. — Bir nimani sezdimi bu odam? Oʻzimni tutib olishim kerak. Uyda hech nima boʻlgani yoʻq, hech nima... Bu tush edi, vahimali tush...»

Qahva hoʻplayotib shu tarzda oʻzini oʻzi ovutib, «tush koʻrayotgani»ga ishontirmoqchi boʻldi.
— Qondan qoʻrqar ekansiz, — dedi polkovnik kulimsirab.
— Yoʻgʻ-e, — dedi Samandar aybi oshkor boʻlgan boladay.
— Ha, rangingiz aytib turibdi. Siz hijolat boʻlmang, ayrim odamlar shunaqa boʻlishadi. Qonga koʻzi tushishi bilan hushidan ketib qoladiganlar ham bor. Koʻnglingiz ayniganini mashinadayoq sezgan edim. Tagʻin ham chidadingiz.

Samandar bu lutfni qabul qilganday oʻzini zoʻrlab kulimsiradi.
— Bir oz dam oling, oʻtib ketadi, — dedi polkovnik, mehribonlik bilan.

«Oʻtib ketadi? Qani edi oʻtib ketsa!.. Oʻtib ketadigan manzara emas bu...» deb oʻyladi Samandar. Polkovnikning taklifi unga ma’qul keldi: bekorchi suhbatdan qochishning yaxshi yoʻli — dam olish. U qahvani ichib boʻlgach, suyanchiqni tushirdi-da, yotib, koʻzlarini yumdi.

Samandar shu boʻyi to uchoq Moskva yaqinidagi harbiy aerodromga qoʻnguniga qadar qaddini koʻtarmadi. Polkovnik taomga taklif qilganida koʻzlarini yarim ochib, «yoʻq» ishorasini qilib, bosh chayqab qoʻya qoldi.

Koʻzlarini yumib yotgani bilan uxlamadi. Aslida bu holda yotish ham uning uchun azob edi. Biroq, polkovnik bilan suhbatlashgandan koʻra shu alfozda azob chekish ma’qulroq tuyuldi.

U ikki toʻlqin iskanjasida edi. Biri — qon tusida, uyidagi dahshat manzarasi, ikkinchisi — bir necha soatdan soʻng boʻlajak suhbatlar. Samandar birinchi toʻlqinni yengishga, Nafisaning baqraygan koʻzlarini haydashga, girdobdan koʻtarilayotgan qonli panjalarni nari surishga intildi. Bir necha muddat bunga erishganday ham boʻldi. Biroq, nari ketgan manzaralar yana shiddat bilan oʻz oʻrniga qaytaverdi.

Samandar turli tashvishlar nahrida bearmon suzgan, ammo bu kabi kuchli toʻlqinlarga bandi boʻlmagan edi. Yaratganiga banda boʻlolmaganlarning ajri balki shudir — tashvishu alamlarga bandi boʻlishdir...

U keyingi ma’lumotlarga kattalarning ishonishlari qiyin, balki siyosiy tus ham berilar, degan tahminni diliga tugib yurgan edi. Uning kashfiyotiga asoslangan qurilmalar dunyodagi yadro poligonlarining har biridagi eng kuchsiz sinovni ham aniqlab, bilib berishi mumkin edi. Ammo oʻn ikki kun avval kutilmagan holat yuz berdi: qurilma zaminning kuchsiz tebranganini xabar qildi. Zaminning tebranishi yangilik emas, ammo tebranish markazi sira kutilmagan yerda edi. Ulardagi xarita boʻyicha bu joyda yadro poligoni yoʻq edi. Samandar hisob-kitoblarni qayta-qayta tekshirdi, solishtirdi. Raqamlar bari-bir oʻjarlik bilan aynan oʻsha joyni koʻrsatib turaverdi.

Samandar ma’lumotlarni bir kun kechikib yubordi.

Markaz tanbeh berar, deb oʻylayotgan edi. Shoshqich chaqiriluvi u uchun kutilmagan boʻldi. Ayniqsa, uydagi voqea...

Uchoq yerga qoʻnib, belgilangan maydonchada toʻxtagach, Samandar qaddini koʻtardi. U goʻyo uchoqda uchmadi, balki tanklar zanjiri ostida ezilandi. Uchoq uni uyidagi voqeadan uzib olib, necha ming chaqirim nariga olib kelgani bilan xayoliga boQlangan tashvish iplarini uza olmagan edi.

Uchoq zinapoyasida ularni ikki qora «Volga» kutib turardi. Polkovnik hamkasbi bilan salomlashib «vazifa ado etilgani»ni ma’lum qilgach, Samandar mashinaga oʻtirdi. «Vazifasini bajargan» polkovnikka «alohida buyruq boʻlgunicha kutinglar», — deyilgach, mashinalar oʻrnidan qoʻzgʻoldi.

Samandar Moskva koʻchalarini yaxshi bilardi. Shu bois Mudofaa vazirligi joylashgan koʻchaga burilishmaganidan ajablandi-da:
— Qaerga ketyapmiz? — deb soʻradi. Uni polkovnikdan «qabul qilib olgan» odam bamaylixotirlik bilan:
— Kremlga, — dedi.
— Kimning oldiga? — deb soʻradi Samandar.
— Sizni oʻrtoq Baygildin kutyapti.
— Bazarovchi?
— Viktor Bazarovich ham oʻsha yerda.

Bazarov deganlari vazirlik huzuridagi Markaz boshligʻi edi. Odatda Samandar asosan shu odamga yoʻliqardi. Baygildinning huzuriga kamdan kam hollardagina borishardi. Samandar bu safar toʻgʻri oʻsha yerga borilayotganidan masalaning jiddiy ekanini angladi. Bir jihatdan Baygildinga roʻpara boʻlishi yaxshi. Farosatli odam. Bazarovga oʻxshab huda-behuda soʻkinib baqiravermaydi. Harholda unda harbiylikka nisbatan olimligi ustun turadi.

Kremlda toʻgʻri Baygildinga roʻpara boʻlmadi. Bari-bir avval Bazarovga yoʻliqdi:
— Sen nima qilib qoʻyding, bilasanmi? — dedi u sovuqqina salomlashib.
— Nima qilibman? — dedi Samandar ham sovuqroq ohangda.
— Butun razvedka oyoqqa turgan. Agar ma’lumoting isbotlanmasa, bilasanmi nima boʻladi?
— Bilaman. Ishlarimning oyogʻi osmondan boʻladi.
— Faqat ishlaring emas, oʻzing ham. Faqat oʻzing emas, men ham...
— Shunaqa xatar bor ekan, ma’lumotni bularga koʻrsatmang edi.
— Sen shunaqa vaqillayverasan. Rost boʻlsa-chi? Unda yana bir balo! «Qayoqqa qarayapsanlar?!» deb uchirib yuborishadi. Nima boʻlsa boʻldi — tavakkal! Yur.

Baygildin u qadar vahima qilmadi. Ma’lumotnoma, hisob-kitoblar xulosasi bilan tanishgan boʻlsa-da, Samandarning tushuntirishlarini diqqat bilan tingladi.
— Ilmiy ekspertiza xulosalaringizning toʻgʻri ekanini tasdiqladi. Lekin hozircha uzil-kesil toʻxtamga kela olmaymiz. Hozir orbital stantsiyadagilarga ham topshiriq berilgan. Samandar Ochilovich, siz uch-toʻrt kun Moskvada dam oling. Siz bilan Vasiliy Ignatevich ham koʻrishmoqchilar. Qurilmalaringizni Hindiqushga ham oʻrnatsak-chi? Nima deysiz?
— Afgʻonistongami?
— Ha.
— Shartmi? Hozirgi joyi ham yetarli. Qurilma sezgirligini yana ham oshirish mumkin.
— Qanday qilib?

Samandar uydan olib chiqqan qogʻozlar taxlamini unga uzatdi.
— Hammasi hisob-kitob qilingan. Hindiqushda yangisini qurgandan koʻra sezgirlik oshirilsa, yuz baravar arzon tushsa kerak.
— Sen bularni menga aytmovding? — dedi Bazarov norozi ohangda.
— Toʻppa-toʻgʻri bu yerga boshlab kelishlarini bilmabman. Aslida sizga koʻrsataman, deb oʻylovdim. Siz baribir oʻrtoq Baygildinga berardingiz.
— Bu hisobingiz ham toʻgʻri, — dedi Baygildin jilmayib. Soʻng qogʻoz yuzidagi qizil dogʻga koʻzi tushib, Samandarning bogʻlogʻliq qoʻliga qaradi: — Qoʻlga nima qildi?
— Ha, shunchaki... shisha tilib ketdi, — dedi Samandar oʻzini xotirjam tutishga intilib.

Baygildin ularni uzoq ushlab oʻtirmadi. Samandarni shahar chetidagi xos mehmonxonaga kuzatib qoʻyishdi. Xonaga kirib, birinchi koʻrgani — Hindiqush xaritasi boʻldi. «Maqsadlari jiddiyga oʻxshay-di, — deb oʻyladi. — Agar Afgʻonistonga ham oʻrnatilsa, yangi oʻta sezgir qurilmaga hojat qolmaydi. Yoʻlni toʻsishadi». Shu fikr xayoliga kelib, battar boʻgʻildi. Muzjavonni ochdi: baxtiga aroq bor ekan. Katta qadahga quyib, sahroda yoʻl yurib chanqagan odam kabi yutoqib ichdi. Bittaga qanoat qilmasdan ikkinchisini ham toʻldirib ichgach, dasturxon ustidagi olmalardan birini olib, karsillatib tishladi. Nazarida aroqning quvvati ojizday tuyulib yana ikki marta ichdi-da, shisha beliga yopishtirilgan yorliqqa qaradi. Aroqning qirq daraja ekanini oʻqib, ajablanganicha bosh chayqadi.

Eshik taqillab, askar yigit koʻrindi-da, «Yemakxonaga chiqasizmi yo ovqatni shu yerga olib kelaymi?» deb soʻradi. Samandar och boʻlsa-da, ovqat yegisi yoʻq edi. Avvaliga «kerakmas», deb rad etdi. Soʻng yigitni chaqirib, «shu yerga olib kel», deb buyurdi.

Aroq ta’sir qilib, badani qizidi. Boshi aylandi. Bogʻlangan panjasiga qarab gʻijindi-da, dokani yechib tashladi. Oʻzicha bir nimalar deb gʻoʻdiranib, hammomga kirdi. Yuvinib chiqqanida xonani ovqatning yoqimli isi tutgan edi. Shishani boʻshatgunicha toʻrt-besh choʻqim ovqat yeya oldi, halos. Tomogʻidan boshqa hech narsa oʻtmadi. Yana bir shisha pivo ichgach, toʻshakka ham yetib bora olmay, gilam ustiga choʻzildi.

...Nafisa koʻzlarini yarim yumganicha toʻshakda ayshini surardi. Samandarning kirib kelganiga na u, na-da xushtori e’tibor berdi. Samandar «Hayvon! Buzuq!» deb baqirmoqchi boʻldi, ammo ovozi chiqmadi. Soʻng... oshxonadan bolta olib chiqib, ularni chopaverdi, chopaverdi. Soʻng... dahshatga tushdi. Bolta ularni qiyma-qiyma qilib tashlagan boʻlsa-da, tanada bir tomchi ham qon koʻrinmadi. Soʻng... qiymalangan tana bus-butun holga kelib, qadlari koʻtarildi. «Ey nodon!» deb unga qarab kuldilar, kulaverdilar. Soʻng... Samandar ularga pichoq bilan tashlandi. Ular qochdilar, qochaverdilar. Samandar gʻazabga kelib, pichoqni otdi. Pichoq kinodagi mergan qoʻlidan otilganday toʻgʻri borib Nafisaning chap koʻkragiga sanchildi. Nafisa yiqildi. Oʻldi. Chinakamiga oʻldi! Ana, koʻkragidan qon sizib chiqyapti. Qon... issiq, qon. Koʻzlari esa baqrayib qoldi: «Gunohim nima edi?» deb soʻrayotganga oʻxshadi. Samandar qoʻrqib ketdi: «Nafis, seni oʻldirmoqchi emasdim. Tursunali bilan birgaligingni bilganimda ham kechirgan edim. Bu safar ham kechirardim. Oʻlma, Nafis...» Shunday deb turganida xushtor kelib boshiga toʻqmoq bilan urdi, uraverdi. Toʻqmoq har urilganida jaranglab, aks-sado taratdi, tarataverdi... Nafasi esa boʻgʻildi, boʻgʻilaverdi...

To uyqudan uygʻonguniga qadar shu tush asoratida azob chekdi. Qoʻrquvdan uygʻondimi yo eshikning taqillaganidan uygʻondimi — farqlay olmadi. Harholda eshikning taqillashi boshiga urilgan toʻqmoq jarangiga monand edi. Boshiga urilgan toʻqmoq tushida kechgan boʻlsa-da, gardani loʻqillab ogʻrirdi.

Avvaliga qimirlash u yoqdan tursin, «Ha, kim?!» deyishga ham majoli yetmadi. Aniqrogʻi qaerda, nima uchun yotganini idrok qilolmadi. Bir oz garangsib yotgach, nonushtadan keyin boʻlib oʻtgan voqealarni xira tarzda boʻlsa-da, esladi. Shundan soʻng koʻzlarini arang ochdi. Eshik yana taqillagach, «hozir!» deb ovoz berdi-da, inqillab oʻrnidan turdi. Uy xuddi osma koʻprikday u yon-bu yon tebranganday boʻlib, chayqaldi. Gandiraklab borib eshikni ochdi.

Yengsiz ich koʻylakda turgan gavdali odam uni koʻrib jilmaydi:
— Xayriyat! Bu kimsasiz orolda bittagina insofli tirik odam bor ekan! — dedi u. — Hamma xonalarni birma-bir taqillatib chiqdim. Tirik odam yoʻqmi, bilmayman. Boʻlsa ham ochishmaydi. Qoʻrqishadimi, bilmayman. Men yolgʻizlikni yomon koʻraman. Ichgim kelyapti, qoʻshni, nima men alkashmanmiki hadeb yolgʻiz ichaversam. Koʻnglim shirin suhbatni istayapti. Siz menga sherik boʻla olmaysizmi? — U shunday deb qoʻlidagi aroqni yuqori koʻtardi.

Boshi aylanib, ogʻzi qurib, koʻngli behuzur boʻlayotgan Samandarga bu taklif ma’qul keldi. Garchi u chaqirilmagan mehmonga zid oʻlaroq yolgʻizlikni yoqtirsa ham hozir ulfat bilan ichgisi keldi.
— Kiring, — dedi u tisarilib.

Mehmon ostona hatlab qoʻl uzatdi-da, oʻzini tanitdi:
— Medvedev, Sergey Lavrentevich.

Samandar «Marhamat qiling», deb joy koʻrsatdi. Medvedevning shimi yonidagi qizil hoshiyani koʻrib «generallardan ekan-da», deb qoʻydi. Medvedev esa yozuv stoli ustidagi Hindiqush xaritasiga koʻzi tushib «oʻzimizdan ekan», deb oʻyladi.
— Ismingiz nima, qoʻshni? — dedi Medvedev ikki qadahga aroq quyib.

Kiev universitetida, soʻng Moskvadagi aspiranturada oʻqib yurganida Samandarni hamma «Sasha» deb chaqirardi. Shuni eslab u:
— Sasha deyavering, — deb qoʻydi.
— Sashoq, salomatlik uchun! Men sendan xursandman. Bu yerdagi yagona tirik odam sen ekansan... — Medvedev shunday deb tik turgan holida qadahni bir koʻtarishdayoq boʻshatdi.

Samandar qadahni labiga yaqinlashtirganida aroqning hidi dimogʻiga urilib, seskandi. Koʻngli battar aynidi. Mehmon qarab turgani uchun hijolat chekdi. Keyin chuqur nafas oldi-da, bir zarb bilan ichib yubora qoldi. Dam oʻtmay oʻzini yengil his eta boshladi. Uchinchi qadahdan keyin esa picha oʻziga keldi. Bu yerga kirishdan avval ham boʻkib ichgan mehmonning «gap xaltasi teshilib», tinmay gapiraverdi.
— Sashok, men harbiy odamman. Mening kasbim jang qilish. Qogʻoz titib idorada oʻtiradiganlarga toqat qila olmayman. Rossiyani kim xarob qildi, bilasanmi? Ana oʻsha burniga koʻzoynak qoʻndirib, qogʻoz titib oʻtiradiganlar. Biz esa buyuk Rossiya shuhratiga shuhrat qoʻshamiz. Bu — bizning burchimiz.

Medvedev yana qadahlarni toʻldirdi:
— Buyuk Rossiyamiz uchun, uning shuhrati uchun! — U shunday deb xitob qilgach, qadahni odati boʻyicha bir koʻtarishda boʻshatib, kaftiga «kuf» deb qoʻydi.

Samandar endi ichishga qiynalmadi. Ogʻriqlar uni tark etgan, ammo qulogʻi shangʻillab, mehmonning gaplarini durust idrok qila olmayotgan edi. Medvedev esa «sukut rizolik alomati» sanalganday «gaplarim Sashokka ma’qul kelyapti», degan fikrda joʻshib soʻzlayverdi.
— Bu gʻalamislar Rossiyaning Oʻrta Sharqdagi siyosatini oʻzgartirishmoqchi. Ochigʻini aytaymi? Mixail Mechenniyning ishlari menga yoqmayapti.

Samandar Mixail Mechenniyning kim ekanini darrov anglamadi. Keyinroq fahmlab, nimani tasdiq etayotganini oʻzi ham tushunmay, bosh irgʻab qoʻydi.
— U bizning Germaniyani ikki qoʻllab topshirdi. Germaniya uchun ruslar qancha qon toʻkishgan, bilasanmi? Endi esa Afgʻonistonni bermoqchi! Gorchakov janoblari 1877 yilda nima qilgan bilasanmi? Bilmaysan! Granvillni bilasanmi? U oʻsha paytda Angliya tashqi ishlar ministri edi. Gorchakov u bilan sulh tuzdi. Hozirgi Afgʻonistonning shimoliy chegarasini oʻsha ahmoq belgilagan. Nega ahmoq, deyapsanmi? Shuning uchunki, yana bir zarb berilsa, Afgʻoniston toʻlaligicha bizniki edi. Hech boʻlmasa yarmi bizniki boʻlardi. Bugun bekorga qon toʻkib yurmasdik. Endi Mixail Mechenniy nima qilmoqchi? Bilasanmi? Bilmayman, dema, bilasan. Bu yerda bekorga oʻtirganing yoʻqdir. Meni ham shuning uchun chaqirtirishibdi. Bular Afgʻonistonni topshirishmoqchi! Qoʻshinni qaytarishmoqchi! Bunga chidash mumkinmi?! Yoʻq! Sen chidasang chidayver, ammo men chiday olmayman! Axir u yerlar rus qoni evaziga olindi. Xalqi tamoman qirib tashlansa ham Afgʻonistonni qoʻldan bermaslik kerak. Afgʻoniston — Pokiston kaliti, Hindiston kaliti, Hind okeani yoʻli! Hindiqushchi? Bunday strategik qulay joy yana qaerda bor? Endi sen ayt: qaysi ahmoq kalitni oʻz ixtiyori bilan beradi?

U yana bir oz asabiylashgan holda aroq quydi:
— Rossiya shuhratining soʻnishiga sira yoʻl qoʻymaymiz!

Samandarning koʻzlariga qadah avval ikkita, soʻng uchta boʻlib koʻrindi, keyin chirpirak boʻlib aylana boshladi. Rossiyaning shuhrati uchun ichishga qurbi yetmay yoniga shilq etib yiqildi.
— O, Sashok, ichishni eplay olmas ekansan-ku!

Medvedev shunday deb uni ikki qoʻltigʻidan oldi-da, sudrab borib karavotiga yotqizdi.
— Boʻpti, Sashok, omon boʻl! Bir oz koʻnglim yozildi. Ammo sen mening gaplarimni unut!

Shunday deb yarimdan ozaygan shishani koʻtarib, bir oz gandiraklagan holda xonadan chiqdi. Dam oʻtmay qoʻshni xona eshigi taqillay boshladi. U endi ertalabgacha birga ichishi mumkin boʻlgan «tirik odam» izlardi.

Hammayoqni bulgʻab tashlagan Samandarni esa ertalab harbiylar shifoxonasiga olib ketishdi.

Armon

Tish ogʻrigʻining davosi ombur, deganlaridek, Omonullo oʻzidagi qoʻrquvni yengishga kuch topib, tish tabibiga kirdi-yu, bir necha daqiqada koʻzlari moshdek ochildi, qoronQu dunyosi yorishdi. Avvalgi kuni e’tibor bermagan narsalar endi muhim boʻlib koʻrinaverdi.

Oʻsha kuni Abduqayumning uyidan chiqqach, doktiloskopist uni ichkari xonaga chaqirdi-da, poʻlat sandiqdagi qonli dogʻni koʻrsatdi:
— Eshik tutqichlarida ham ayni shu iz.

Omonullo poʻlat sandiqni sinchiklab koʻzdan kechirdi: ochishga urinilmagan. Balki oʻz kaliti bilan ochib-yopilgandir? «Kim ochib yopgan? Ochilovmi? Pullarini olib qochganmi?» Omonulloning xayoliga kelgan birinchi fikr shu boʻldi. Samandardan barmoq izlarini olib, qonli izlar bilan solishtirib koʻrilmagunicha aniq bir qarorga kela olmas edi. Shu sababli uning qaerdaligini aniqlash maqsadida ishxonasiga yoʻl oldi.

Telefondagi savol-javobdan soʻng uning kelishini kutishayotgan ekan. Tashqaridan qaraganda koʻrimsizgina boʻlgan uch qavatli uy temir panjara bilan oʻralgan edi. Omonullo darvoza yonidagi qorovulxonadan nariga oʻta olmadi. Qorovulxona odatdagidan koʻra kengroq, uchdan ikki qismi bel barobar taxta toʻsiq bilan ajratilgan edi. Odamlar oʻtishi uchun moʻljallangan yoʻlak oʻrtasiga xuddi metrodagi kabi ochilib-yopiladigan toʻsiq qoʻyilgan edi. Xuddi shu joyda toʻxtagan Omonulloning guvohnomasini koʻrishdi. Avvaliga toʻsiq yonida turgan yigit harfma-harf oʻqiyotganday tikildi. Soʻng bir suratga, bir Omonulloga tikildi-da, guvohnomani xona toʻrida oʻtirgan oʻrta yosh, tepakal kishiga olib borib berdi. Tepakal koʻzoynagini taqdi, bu ham kamlik qilib, tortmasidan toshoyna chiqarib guvohnomani sinchiklab tekshirdi. Keyin oʻng tomondagi kompyuter tugmalarini bosib, besh-olti daqiqa davomida nigohini ekrandan olmay oʻtirdi. Ekranda javob yozuvlar paydo boʻlganidan keyingina buyruq ohangida «oʻting» deb qoʻydi.

Omonullo avval hovliga, keyin uch qavatli binoga oʻtsam kerak, degan fikrda «qayoqqa boramiz?» deb soʻradi. Yigit unga javoban jilmayib qoʻydi-da, toʻsiqni ochib, «Bu yoqqa», deb tepakal tomonga ishora qildi. Omonullo ichkariga oʻtib, tepakalning roʻparasidagi stulga oʻtirdi.
— Ochilovda nima ishingiz bor? — deb soʻradi tepakal unga qattiq tikilib.
— Undan soʻrab-bilib oladigan gaplarim bor.
— Qanaqa gap?
— Siz bilishingiz shartmi?
— Shart.
— Aytaylik, bir jinoyatga oid gaplar boʻlishi mumkin.
— Qanaqa jinoyat?
— Buni ham bilishingiz shartmi?
— Ochilovga tegishli boʻlsa — shart.
— Uning xotini oʻldirilgan.
— Qachon?
— Taxminan uch kun avval.
— Ochilov bir oydan beri safarda.
— Qaerda?
— Kerakli joyda.
— Uni koʻrishim shart.
— Kelganida koʻraverasiz.
— Qachon keladi?
— Kerak boʻlganida keladi.
— Aniqrogʻini hech kim bilmaydimi?
— Ochilov bilan ishingiz boʻlmasin. Jinoyat yuz berdimi, jinoyatchini toping. Sizga maslahatim: bu tomonlarga boshqa kelmaganingiz ma’qul.
— Xotinining oʻlganini xabar qilish kerakdir? Murdani koʻmish kerakdir? — dedi Omonullo bir oz achchiqlanib.
— Xotinining hech kimi yoʻq ekanmi? — deb soʻradi tepakal pinagini buzmay.
— Otasi bor.
— Xotirjam boʻling, otasi koʻmaveradi. Eri koʻmishi shart emas.

Tepakal «gap tamom, sizga ruxsat», deganday guvohnomani uzatdi. Omonullo bu yerdagilarning oddiy qorovul emasliklarini tushunib yetgan boʻlsa-da, tepakalning podpolkovnik unvonida ekanidan bexabar edi. Shunga qaramay uning qoʻrsligiga javob bermadi. Oʻrnidan turib xayrlashmoqchi boʻlganida tepakal oʻtirgan yeridan qoʻzgʻolmagan holda qoʻl uzatdi:
— Shashtingizga qaraganda Ochilovga boshqa koʻz bilan qaramoqchiga oʻxshaysiz, — dedi u. — Sizga maslahatim: Ochilovni tinch qoʻying. Unga tishingiz oʻtmaydi.
— Qonun oldida hamma teng, — dedi Omonullo bu safar qat’iyroq ohangda.
— Siz oʻqigan kitobda shunaqa yozilganmi? Hayotda esa, azizim, butunlay boshqa. Shuni hali ham tushunib yetmadingizmi?

...Tish ogʻrigʻidan qutulib, fikri tiniqlashgach, oʻsha uchrashuvni, oʻsha tepakalning keyingi gaplarini eslab oʻyga toldi: «Nima demoqchi? Qotil Ochilov boʻlgan taqdirda ham qoʻlingdan hech nima kelmaydi», demoqchimi? Shunchalar zirhi qalinmi bu idoraning? Xoʻp kunlarga qoldim-da! Jinoyat ildizini topib, «banditizm» desam, «Bunaqa gap yoʻq, partiya s’ezdida SSSRda banditizmga barham berilgan» deyilgan», deb garang qilishadi. Mana, jinoyatchini ushladim, desam, «toʻxta, qamamay tur, kommunist ekan, avval partiyadan oʻchirib olishsin», deydi. Boshqasini «deputat ekan», deydi. Endi bunisiga nima deyisharkin?..»

Yaxshi hamki Abduqayum novvotrang «Volga»ning raqamlarini eslab qolgan ekan. Harbiy prokuratura orqali mashina haydovchisi ham, polkovnik ham topilib, soʻralgach, Omonullodagi gumon haqiqat sari yanada yaqinlashdi. Ayniqsa, Ochilovning oʻng qoʻlini «shisha kesib ketgani», uchoqda esa chap qoʻlini bogʻlab olgani uning ahvolini ayon etganday edi. Uning nazarida Ochilovni hibsga olish uchun shu dalilning oʻziyoq kifoya edi. Ayni damda uni boshqa narsalar oʻylantirardi. Sanjar Ibrohimovning qismati oilasiga ma’lum etilgach, ular uchun goʻyo qiyomat boshlanganday boʻldi. Yaqinlari «jasadni beringlar», deb oʻlikxonani qamal qilib olish darajasiga yetdilar. Nafisaning murdasi esa yana ikki kun oʻlikxonada qolib ketibdi.

Kooperativ boshligʻi Omonullo yuborgan vakilga «Ikkovi ham suyuqoyoq edi, endi haydamoqchiydim» debdi. Sanjar Ibrohimovning ukasi esa, Omonullo bilan suhbatda «Bizning urugʻda haromga yuradigan odam yoʻq. Akam haromdan hazar qilar edilar», deb gapni kalta qildi. Ibrohimovning xotini esa oʻtinch bilan «adasidan bunday gumon qilmang», deb koʻz yoshi toʻkdi. Ularning bu zorli gaplari marhum xotirasini himoya qilish uchungina aytilmayotganini Omonullo sezdi. Bu gaplarga ishondi. Ammo «Eri safarda boʻlgan chiroyli yosh juvon bilan uning uyiga nima uchun keldi?» degan savolga javob topa olmagani uchun, marhumning ruhi chirqirasa ham, shu gumondan uzoqlashmaslikka majbur edi. Erkakning haromdan hazar qilib yurishi a’lo hol, biroq... oʻrtada shaytoni la’in ham bor-da...

Marhumlar xizmat qilgan kooperativning boshligʻi gʻoyatda tez gapirganidan oʻzining ham nafasi qaytib ketuvchi, chaqchaygan koʻzlaridan makkorlik nuri sachrab turuvchi odam ekan. Omonullo «Odamning tili aldagani bilan koʻz qarashi alday olmaydi, men har qanday odamning koʻziga bir qarashdayoq kimligini aytib bera olaman», deb maqtanishni yaxshi koʻrardi. Qaynatma shoʻrvaning koʻpigi boʻlgani kabi, bu maqtanishning chegaradan chiqqan yeri ham bor edi. Ammo Omonullo yuzdan yetmish holda adashmas edi, deyilsa haqiqatdan chetga chiqilmas. Oʻsha yuzdan yetmish holatning biri kooperativ boshligʻini koʻrganida amal qildi. Shu bois ham «Siz marhumlarni yaxshi bilarmidingiz?» — deb soʻramay, gapni aylantirdi.
— Kooperativda ishlar qalay, gullab-yashnayaptimi? — deb soʻrab, boshliqqa tikildi.
— Ha, endi, qimirlab turibmiz. Hukumatga rahmat, hamma sharoitlar bor.
— Gapingiz toʻgʻri. Sharoit zoʻr. Xohlagan qingʻirliklarga shart-sharoit mixday yaratilgan, buni biz bilamiz, — Omonullo «biz» degan soʻzni alohida urgʻu bilan talaffuz etdi. Bu alohida ohang boshliqning miyasiga toʻqmoqdek urilib, bir seskandi. Lekin oʻzini goʻllikka solib, xi-xilab kuldi:
— Ie, hali shunaqalar ham bormi? Qingʻirlikdan Xudo asrasin. Hukumat shuncha sharoit yaratib berganiga shukr qilib toʻgʻri ishlaganga nima yetsin!
— Gaplaringiz zoʻr... ammo sizda ham ozgina bor ekan, deb eshitdik.

Boshliq «buning gapi chinmi?» — degan fikrda kipriklarini pirpiratib, Omonulloga bir zum tikildi. Soʻng yana quvlik koʻchasiga oʻtib, jilmaydi. Jilmayganda lablarining sal titraganini Omonulloning ziyrak nigohi ilgʻadi.
— Hazilingiz bor boʻlsin. Biz «Xudo halolidan bersin», deb yurgan bandamiz, akaxon.
— Shunaqami? Ibrohimov bilan Boltaeva bu qingʻirliklarni ochamiz, deb yurishgan ekan-ku?

Omonulloning bu tagdor gapi soyasida «Ular sirni ochmoqchi boʻlganlari uchun oʻldirilganlar», degan ma’no bor edi. Ana shu ma’no oʻq kabi miyasiga sanchilib, butun tanasini zirqiratgan holda tovonidan teshib chiqqanday boʻldi. Endi yuzidagi quvlik jilma-yishi ham yoʻqoldi. Bir oz oʻylandi-da:
— Kim shunday degan boʻlsa, oʻlgan odamning goʻshtini yebdi, — dedi.
— Oʻlgan odamning goʻshti? Gapingizga tushunmadim? — dedi Omonullo ajablanib.
— gʻiybat bilan tuhmat — oʻlgan odam goʻshtini yeyish bilan barobar ekan.
— Shundaymi? Unda siz nima uchun bu goʻshtni yedingiz?
— Men-a? Astagʻfirulloh! Nega bunday deyapsiz?
— «Bular suyuqoyoq edi, haydab yubormoqchiydim» degan kim, siz emasmi?
— Men shunday debmanmi?
— Xotirangiz yaxshi emasmi? Siz chet elning kinolarini koʻrmaganmisiz? — Omonullo savolni berishga berdi-yu, javob kutmadi: — Tugmachaga joylashtirilgan magnitofonlari bor... Bizda shunaqasi yoʻq deb oʻylaysizmi?
— Degan boʻlsam degandirman. Achomlashib yotishganda oʻldirib ketganidan keyin yana nima deyishim mumkin?
— Kim sizga «achomlashib yotishgan» dedi?
— Hammaning ogʻzida shu gap. Oʻzim koʻrmadim. Eshitganimni aytyapman.
— Siz shu odamlarning rahbari edingiz. Nega anigʻini soʻrab-surishtirmadingiz?
— Menga buning nima qizigʻi bor?
— Siz ularning suyuqoyoq ekanliklarini isbotlay olasizmi?
— Oʻrtoq tergovchi, men sizning bunday savollaringizga javob bermayman. Meni goʻl deb oʻylamang. Men ham yurfakni bitirganman. Uncha-buncha narsaga aqlim yetadi.
— Shundaymi? — Omonullo kinoya aralash jilmaydi. — Unda oʻrtoq hamkasb, siz ba’zi darslarga kirmay qochib yurgan ekansiz. Siz kirmagan darslarning birida «tergovchi ishga aloqador har qanday savolni soʻrashga haqli», — deb ta’lim berilgan.
— Hozirgi savolingiz ishga aloqadormi?
— Boʻlmasam-chi? Men ularning munosabatlarini bilishim kerakmi? Uyga nima uchun borishgan? Balki kooperativdagi qingʻir ishlarni yozish uchun borishgandir? Jahlingiz chiqmasin, bu shunchaki gumon xolos. Biz siz bilan yana uchrashamiz. Istasangiz advokat yollang. Advokat ishtirokida gaplashing, bu sizning huquqingiz.

Omonullo shunday deb iziga qaytdi. Aslida «Kooperativdagi qingʻir ishlarni fosh qilmoqchi boʻlishganda oʻldirilgan», degan gumoni zaif edi. Lekin kooperativ boshligʻining sarosimasi bu zaif gumonga quvvat berib qoʻydi. Oʻn daftarchasidagi «qotil kim?» savoli ostiga yozilgan «Eri», «Otasi» degan javob yoniga «Boshligʻi?» yozuvi ham paydo boʻldi. Ayniqsa, ertasi kuni boshliq nomidan advokatning kelishi uni ajablantirdi. «Oliy ma’lumotli yurist»dan bunaqangi harakatni kutmagan edi. «Bir balosi bor. Boʻlmasa he yoʻq, be yoʻq himoyachi yollaydimi?» deb oʻylab, «boshliq?» degan yozuv tagiga ikki marta chizib qoʻydi-da, Boshqarma boshligʻiga uchrab, kooperativning moliyaviy ahvoli zudlik bilan tekshiriluvi lozimligi haqidagi fikrini bayon etdi. Fikr ma’qullangach, ertasigayoq kooperativ muhrlanib, tekshiruv ishlari boshlandi.

Qotillikka oid tekshiruv qamrovi kengaygani sayin Omonullo savollar, jumboqlar girdobiga bandi boʻlib boraverdi. Girdobdan chiqa olish yoki tamoman muvaffaqiyatsizlik bahriga gʻarq boʻlishi oʻzining farosatiga bogʻliq ekanini u yaxshi fahmlardi. Bu kabi girdob uning uchun yangilik emas. Har bir jinoyatga doir ishning oʻziga yarasha oʻramasi mavjud. Shuning barobarida choʻkishdan asrab qoluvchi himoya chambaragi topilmasa ham ushlab olishga yaraydigan daraxt ildizimi yo xasmi, albatta boʻladi. Eng muhimi ularni vaqtida koʻra bilish, mahkam ushlab olishda. Choʻkayotgan odam xasga tirmashganidek, u ham biron bir dalilga mahkam yopishadi. Hozirgi girdobda u xas emas, himoya chambaragini topganday edi. Nazarida uydagi qonli izlar aynan shu chambarakning oʻzi edi. Qolgan dalillar suv oʻrami kabi uni oʻziga tortar, ammo u xaloskorlikni aynan oʻsha qonli izlarda deb oʻzini ishontirmoqchi boʻlardi.

Omonullo boshligʻiga kooperativda tekshiruv oʻtkazish haqidagi fikrini bayon qilib, uning rizoligini olgach, yengil tortdi. U Boshliq huzuriga kirishda «siz jinoyatchini topish bilan shugʻullaning, kooperativning moliyaviy ishi sizga aloqador emas», deb qolarmikin», degan hadikda edi. Yaxshiki jinoyatning bir uchi shu ishga borib taqalishi mumkinligini Boshliq ham tushundi. Omonullo shundan xursand edi. Barcha sohalardagi kabi ularning ishida ham ba’zan boshliqlarga gap tushuntirish qiyin boʻladi. Aynan bir xilda fikrlaydigan, ish yuritadigan boshliq bilan xodimni topish qiyin emas. Oʻz fikri, oʻz uslubi boʻlmagan odamlargina boshliq bilan bir xilda ish yuritadilar. Aqlli boshliqlar bunday xodimlardan ehtiyot boʻladilar. Bundaylarni oʻzlariga yaqinlashtirmaydilar. Ayniqsa jinoyatga daxldor ishlarda boshliq chizgan chiziqdan chiqmay yurish yaxshi natijaga olib kelmasligi mumkin. Boshliq qanchalar tajribali, bilimli boʻlmasin, har-holda u idora odamiga aylanadi. Har bir jinoyat esa alohida olam. Bu olamning oʻziga yarasha, boshqalarga oʻxshamaydigan past-balandliklari boʻladi. Idoradagi odam bularni oʻtgan tajribalariga suyangan holda payqashi qiyin. Boshliq shuni tushunsa — xodimning omadi yurishgani. Omonulloga bu safar shunday omad kulib boqqani uchun kayfiyati koʻtarildi. Uyiga ertaroq qaytib hordiq chiqargisi, fikrlarini tiniqlashtirib olgisi keldi.

Toʻqqiz qavatli uyning yoʻlagiga kirgach, ta’bi tirriq boʻldi: lift ishlamayotgan ekan. Yettinchi qavatga piyoda bosib koʻtarilish malol keldi. Halloslab chiqib borganiga yarasha uni bir mehribon kutayotgan boʻlsa ekan, dasturxon tuzasa ekan, erkalab, mehribonliklar qilsa ekan...

Xotini Fotimani Hindistonga kuzatganidan beri uyi huvillab, kirgan odamni yutaman, deydi. Sakkiz yil muqaddam Fotimaning barmogʻiga nikoh uzugini taqqanida, soʻng suyib boʻsa olganida xotinining nozli iltimoslariga, oʻjarliklariga qul boʻlib qolishini oʻylamagan edi. Ba’zan Fotimaning biron iltimosiga «xoʻp» deb qoʻyib keyin oʻzi afsuslanib yurar edi. «Shu xotinning nimasini yaxsha koʻraman? Nimasiga ishqiboz boʻlib olganman? Bir ogʻiz soʻzimga ilhaq boʻlib yurganlar koʻp edi-ku? Boʻldi! Endi bironta iltimosini bajarmayman!» deb ont ichardi. Ammo bu qasam qoʻrgʻoni Fotimaning birgina shirin jilmayishidayoq vayron boʻlib ketardi. Fotima uzun qora soch-lari bilan bogʻlab olganmidi, yo hamisha kulib turuvchi shahlo koʻzlari bilan rom etganmidi, yo qaldirgʻoch qanoti kabi qoshi, qayrilma kipriklari bilan qalbini oʻziga boʻysundirganmidi — Omonullo bilmaydi. Bilgani — Fotimani jondan ortiq sevadi. Fotima esa... Omonulloni sevadimi yo oʻzining ilmiy ishinimi? Mana shu jumboq ba’zan yuzaga qalqib chiqib qolardi. Oʻshanda Omonullo «Men sizga kimman? Bir qulman. Sizga eng muhimi — ilmiy ish! Nomzod boʻlib olay, dedingiz — boʻldingiz. Endi doktor boʻlmoqchisiz — boʻlasiz. Keyin professor boʻlgingiz keladi, keyin akademik boʻlarsiz. Omonqul esa mishiqi boladay atrofingizda girdikapalak boʻlib, xizmatingizni qilib yuraveradi», deb arazlaydi. Shunda Fotima yonar edi. Lov etib emas, atrofiga uchqunlar sachratib, «yaqinlashsang — yutaman!» deb emas, mayingina, rohatijon boʻlib yonardi. Oʻzining eng ishonchli quroli — shirin jilmayishni ishga solardi, yuzidagi kulgichi erining araz oʻtlarini soʻndira qolardi. «Oʻttiz yoshimgacha chidaysiz, deb shart qoʻyganmidim, siz oʻshanda koʻnganmidingiz? Hozir toʻqson foiz siznikiman, oʻn foiznigina ilmiy ishimga berganman. Yoqlab olay, yuz foiz sizniki boʻlaman. Boshqa unvonlarning orqasidan yugursam betimga tupuring. Men uchun eng muhimi — ilm. Odamlarga nimadir berish. Agar aqlim bilan ilmim yetarli boʻlsa siz aytgan martabalarning oʻzi keladi. Nima, akademikning eri boʻlsangiz yomonmi? Akademik kiringizni yuvsa, ikki bukilib choy uzatsa... yomonmi?» Shu gaplardan keyin Omonullo araz narvonidan pastroqqa tushardi: «Ha... endi siz ham xonim, generalning xotini boʻlsangiz yarasharmidi... General bozoringizni qilib bersa, gilamlaringizning changini qoqib bersa, «buyursinlar xonim!», deb qoʻl qovushtirib tursa...»

Ularning birov uchun achchiq, birovga nordon tuyulgan, oʻzlari uchun esa yoqimli, shirin boʻlgan turmushlari shu zaylda davom etardi.

Hind olimlari Bobur saltanatiga oid doktorlik ishni Hindistonda davom ettirishni taklif qilishgach, Omonulloning yuragi bir uvishdi. Yarim yil yolgʻiz yashash hazilakam gapmi?! Fotima «Bormasam boʻlmaydi!» deb ikki oyoqni bir etikka tiqib, janjal qilmadi. Odatiga xilof ravishda «Siz nima desangiz shu — astoydil rozi boʻlsangiz, boraman, koʻnglingizga xiralik aralashsa — qolaman», deb qoʻydi. Omonullo nima derdi: «Qirqiga chidagan qirq biriga ham chidayman», deydi-da! Buning ustiga Fotima Omonullo uchun kutilmaganda tantanali va’da berdi: doktorlik dissertatsiyasini yoqlagach, to ilmiy ish Moskvadan tasdiq etilib, diplom qoʻlga tekkunicha Hasan-Husan tugʻib beradigan boʻldi. Bu gapni xuddi «Doʻkonga chiqamanu ikki quti gugurt yo tuz olib kelaman», degan tarzda aytdi. Omonullo esa ishondi. Uyi hasan-husanlar bilan toʻlib ketganday koʻngli yorishdi. Toʻgʻri, «Hasan-Husan emas, balki Fotima-Zuhra boʻlar», deb ham oʻyladi. Lekin uning uchun bu muhim emas, muhimi — xotini tugʻishga rozi! Rozi boʻlganida ham belgilangan muddatdan ikki yil avvalroq tugʻib bermoqchi. Matbuotchilarning tili bilan aytganda «planni muddatidan avval bajarmoqchi!» Bu katta yutuq!

Shu paytgacha oʻttiz yoshdan keyin, deb belgilagan muddatini astoydil himoya qilardi. Buni faqat oʻzining ilmiy ishlari bilan izohlamay, tibbiy jihatdan «ilmiy isbot» ham topgan edi. Nima emish, oʻttiz yoshdan keyin tugʻsa, bolalari zehnli, aqlli, ham jismonan baquvvat boʻlarmish. Bu da’voni eshitib, Omonullo kulgan edi. «Nimaga kulasiz?» — degan edi Fotima. «Mening bir tanishim bor, — deb javob qaytargan edi Omonullo, — u tugʻilganida otasi yigirma bir yoshda, onasi oʻn toʻqqizda boʻlgan ekan. Men oʻsha tanishimni koʻp kuzatganman: zehni past ahmoqqa oʻxshamaydi. Har-holda u salkam fan doktori-ya! Jismoniy jihatdan ham unchalik nozik emas...» Fotima oʻzi haqida aytilgan bu gapga javob berolmay, «Bu alohida masala», deb qoʻygan edi.

Hindistonga ketishdan oʻn kun avval Omonullo uyga yarim kechada qaytdi. Tunda qaytadimi yo sahardami — Fotimaning uxlamay kutishini yaxshi biladi. Fotima boshqa xotinlarga oʻxshab xavotir olmaydi, desak noinsoflik boʻlar. Haqiqatga koʻchsak, oʻlchami yoʻq, sigʻimi mavhum bu xavotir deganlari oʻlchansa, Fotimaniki hammanikidan koʻproq chiqar. Faqat u boshqalar kabi «Erim qachon kelarkin?» (yoki «Erim kim bilan ayshini surib yurganiykin?») deb jagʻini deraza tokchasiga tirab, koʻchaga tikilib oʻtirmaydi. Omonullo qay paytda kelsa ham uni yozuv stoliga muk tushgancha oʻqib-yozib oʻtirganini koʻradi.

Bu safar ham shunday boʻldi.

Fotima bu safar ham odatini kanda qilmadi — «qayoqlarda yuribsiz?» demadi. Oʻrnidan turib salom bergach, oshxona tomon yurmoqchi boʻlganida eri toʻxtatib, «qornim toʻq», dedi.
— Hm, oʻgʻrilaringiz toʻydirib yuborishdimi? — dedi Fotima oʻziga yarashiqli kinoya bilan.

Boshqa xotinlar «oʻynashlaringiz», juda madaniy tarzda aytsa «xushtorlaringiz toʻydirib yuborishdimi?» deyisharkan. Fotima esa hamisha «oʻgʻrilaringiz» deydi, bu soʻzni aynan aytadi, uning panasiga «oʻynash», degan ma’noni yashirmaydi.
— Qamashdan oldin ziyofatini yeyish kerak-da, — dedi Omonullo xotiniga javoban, soʻng stol ustidagi kitobga koʻz tashladi. — Nima oʻqiyapsan? Yana «Boburnoma»mi? Yuzinchi martami?
— Ming marta oʻqishim kerak. Har oʻqiganimda bittadan ma’no topsam mingta ma’no topgan boʻlaman.
— Joningga tegmaydimi?
— Oʻgʻrilaringiz sizning joningizda tegishmaydimi?
— Yo... ularsiz yashay olmayman, — deb kuldi Omonullo.
— Men ham bu kitobsiz yashay olmayman.
— Mensiz-chi?
— Gapni burmang. Siz koʻchada hushtak chalib yuradigan oddiy milisa emassiz. Oliy ma’lumotli ziyoli odamsiz.
— Buning ustiga boʻlajak akademikning eriman.
— Ha, shunaqa desak ham boʻladi. Lekin siz gapni burmay turing. Siz menga ayting. Boburni bilmagan, tushunmagan odamni ziyoli deyish mumkinmi? Qani, mana bu yerga oʻtiring-chi!

Omonullo kulimsiragan holda itoat etdi.
— Kulmang, deyapman.
— Xonim, tarix darsi uchun tunning qolgan yarmi yetarli boʻlarmikin? Balki boshqa tunga qoldirarmiz?
— Yoʻq, hozir aytmasam, yorilib ketaman. Eshiting: — Fotima shunday deb kitobning kerakli varagʻini ochib, oʻqiy boshladi: — ...Muhammad Humoyun... olti oygacha anda edi: zohiran ani yer va suyi xush yoqmadi. Isitma tutar ekandur, bora-bora uzoqqa tortar» Tushundingizmi? — Fotima kitobdan bosh koʻtarib, eriga gapira ketdi: — Boburning oʻgʻli xasta ekan. Uni avval Dehliga keyin kemaga oʻtqazib Agraga olib kelishni buyuryapti. Humoyun mirzoga tabiblar chora topib berisholmagach, Mir Abulqosim degan kishi deydiki, — Fotima endi yoddan ayta boshladi: — «Ushmundoq dardlarga davo budurkim, yaxshi nimarsalardan tasadduq qilmoq kerak. Toinki Tengri-taolo sihhat bergay. Mening koʻnglumga keldikim, Muhammad Humoyunning mendin oʻzga yaxshiroq nimarsasi yoʻq. Men oʻzum tasadduq boʻlayin, Xudoy qabul qilsun. Xoja Xalifa, oʻzga muqarrablardin arzga tegurdilarkim, Muhammad Humoyun sihhat topar, siz bu soʻzi nechun tilingizga kelturasiz? haraz budirkim, dunyo molidin yaxshisini tasadduq qilmoq kerak. Bas, oʻsha olmoskim, Ibrohimni urushida tushub erdi...» bu yerda dunyoga mashhur Koʻhi nur olmosi nazarda tutilayotgan boʻlsa kerak. Tushunyapsizmi? Ular «oʻzingizni emas, shu qimmatbaho buyumni sadaqa qilsangiz ham yetar», deyishibdi. Bobur nima debdi: «Tilga keldikim, dunyo moli aning evaziga nechuk boʻlgay, men aning fidosi qilurmenkim, hol anga mushkul boʻlubdur. Va andin oʻtubturkim, men aning betoqatligini toqat kelturgʻaymen. Oʻshal holatga kirib, uch qatla boshidin oʻrgulub, dedimkim, men koʻtardim har ne darding bor. Oʻshal zamon men ogʻir boʻldum, ul yengil boʻldi. Ul sihhat boʻlub qoʻpti. Men noxush boʻlub yiqildim...» Xoʻsh, bunga nima deysiz? Qaysi podsho oʻgʻliga jonini sadaqa qilgan? Husayn Boyqaromi? Ikkovini solishtiring: biri nabirasini oʻldirtirdi, biri jonini oʻgʻliga hadya qildi.
— Men ham gapirsam maylimi? — dedi Omonullo xuddi oʻquvchi bola kabi qoʻl koʻtarib. Fotima sal chegaradan chiqqanini fahmladi-yu, ammo sir boy bergisi kelmay bir oz jilmaygan holda amr etdi:
— Gapiring, oʻrtoq kapitan, soʻz sizga!
— Birinchidan, bu satrlarni menga avval ham oʻqib bergan edingiz, xonim. Ikkinchi gapim shuki, avval aytmovdim, endi aytaman: agar mening oʻgʻlim boʻlganida uch marta emas, uch ming marta atrofini aylanardim. Bitta emas, uch mingta jonim boʻlsa, hammasini sadaqa qilib yuborardim.

Fotima yarim tundagi suhbatning bu tarzda nozik torlarni chertib yuborishini sira kutmagan edi. Shu sababli taslim boʻlishdan oʻzga chorasi qolmadi. Kitobni yopdi. Kipriklari nigohini toʻsdi. Siniq ovozda:
— Ovqat yemaysizmi? — deb qayta soʻradi. Soʻng eriga iltijo bilan boqdi: — Yana ozgina sabr qiling...

Omonullo hozir uy yoʻlagida turib shuni esladi. Hovlida oʻynab yurgan bolalarga qarab havasi keldi. «Uylangan yilim tugʻib berganida hozir yetti yoshga toʻlardi. Qoʻlidan yetaklab yurardim. Maktabiga olib borib, olib kelardim. Oʻzi Hindistonida yursa yuraverardi...»

Ajr

«Qizimni urgan qoʻllaring akashak boʻlsin! Sen mening qizimni urding — seni Xudo ursin! Mening qoʻllarim sening yoqangda! Qiyomatgacha qargʻayman seni!».

Qaynonasining faryod bilan aytgan bu soʻzlari xotirasiga mixlanib qolgan.

Oʻshanda sud hukmini kutib oʻtirgan edi. Qaynonasi ayyuhannos solib kirdi. Qargʻadi. Qargʻab-qargʻab xumoridan chiqmadi. Dod solib yigʻlayverdi. «Sud ishiga xalaqit beryapti», deb uni qariyb sudrab olib chiqishdi. Uning faryodi tashqarida ham tinmadi.

U avvaliga qaynonasining qargʻishlariga tushunmadi. Xotinining oʻlganini keyinroq bildi. Bildi-yu, qoʻrqib ketdi. «Agar bu oʻlimni ham yelkamga yuklashsa, rahm qilishsa oʻn besh yil berishadi, boʻlmasa otishlari tayin», deb oʻylab yuragi orqasiga tortdi. Har tugur «traktorni mast holda haydagani, «Jiguli»ga urilgani, haydovchining jarohat olgani...» qamalish uchun kifoya qildi. Qoʻliga kishan urib, sud xonasidan olib ketishdi. Oʻsha onlarni keyinchalik eslasa «Baxtimdan oʻrgilay», deb qoʻyadigan boʻldi. Xotini oʻsha kuni emas, ikki-uch kun avvalroq oʻlganida otuvdan qutulib qololmasligi tayin edi.

Sudga nima, «urganingda jigari yorilib ketgan», deb qotillik jandasini boʻyniga iladi. Qaynonasinikiga borib janjal qilgani, xotinini quvib yurib urganini bilishgach, «qasddan oʻldirgan», deb hukm chiqarib yuboraverishadi.

Qasddan... Xotinini oʻldirish xayoliga kelganmidi oʻsha damda? Qaynonasinikiga nima uchun borgan, xotinini nima uchun urgan — oʻzi ham bilmaydi. Esida qolgani: shiyponda mehmon kutadigan boʻlishdi. Raisning muovini kelib, unga «Traktoringni tutatma. Bugun nozik mehmon keladigʻon, bi-ir pazandaligingni koʻrsat», deb ketdi. Raisning mehmon kutadigan bogʻi, oʻzining oshpazi boʻlsa ham mehmonning bu yerda kutilishi ular uchun tushunarsiz hol edi. Uning pazandaligiga koʻpchilik qoyil qolardi. Oʻzi ham qozon atrofida yayrab ketardi.

Xullas, mehmon keldi. Ovqat yeyishining tayini yoʻq, ozgʻingina odam ekan, Jussasi nozikmidi yoki amali nozikmidi, bilisholmadi. Bilishga qiziqishmadi ham. Mehmon ketgach, ziyofatni oʻzlari davom ettirishdi. Bir tomondan kunning issigʻi, yana bir tomondan xalqumlarini qizdirib oʻtgan shayton suvi ta’sir qilib, shomga qolmay yumalab qolishdi.

U shom salqinida bir oz oʻziga kelib, koʻzini ochdi. Shishalarda, piyolalarda qolgan-qutganini toʻplab, nafsini orom oldirtirgach, bir amallab traktoriga chiqib oldi. Uyga borgani esida. Onasi nimadir dedi. Nima deganini keyin hech eslay olmadi. Soʻng qaynonasinikiga bordi... Qaytishda bir mashina roʻparasidan chiqdi. Keyin bilsa, uning oʻzi traktori bilan mashina roʻparasidan chiqqan ekan.

«Shunga yosh umrini juvonmarg qilib qamash shartmidi?..»

Uning xulosasi shu edi.

Koʻp narsalar esidan chiqib ketdi. Lekin qaynonasining faryodini unuta olmadi. Qamoqda yurganida ham, keyin ham vaqti-vaqti bilan quloQi ostida jaranglayverdi. Har jaranglaganda bir choʻchib tushadi. «...Seni Xudo ursin!..» Ibodatsiz boʻlsa ham qoʻrqardi bu qarQishdan. «Xudo qanaqasiga urar ekan?» — deb koʻp oʻylardi.

Toshbolta Xudoning qanaqasiga urishini mana endi bilganday boʻldi.

Bu ojiz banda, bu nodon banda, bu shayton izmidagi banda foniy dunyodagi har bir harakati, har bir aytgan gapi uchun ajr mavjud ekanini, hatto qizining oʻlimi ham oʻziga yarasha mukofot ekanini anglab yetmagan edi.

U «norasmiy kuyovi», bir vaqtlardagi oʻzining ta’biri bilan aytganda «valine’mati» boʻlmish Tursunalining qoʻliga kishan urilganida koʻp ham qaygʻurmadi. Topar-tutari yaxshi, obroʻ-e’tibori ham baland chin kuyovga yolchiganidan soʻng Tursunali koʻziga shumqadam boʻlib koʻrinayotgan edi. Shilqimligi bir kunmas bir kun qizining oilasini buzishi mumkinligini oʻylay boshlagan, avvalgi fikrlaridan qaytgan, boy amaldorga oʻynash boʻlishning qisqa umrli baxt ekaniga tushunib qolgan edi. «Erta-indin urilib ketish ehtimolidagi amaldorga oʻynash boʻlishdan, tagida vertolyoti bor olimga xotin boʻlish ming karra afzal», degan toʻxtamga kelganida uning mushkulotini Xudoning oʻzi yengillatib berdi — oʻynashni yoʻldan olib tashladi. Unga qadar «norasmiy kuyovi»ning marhamati bilan Sibiriya shaharlariga meva-cheva olib borib sotishni kasb qilayotgan edi. Bu ish bilan shu paytgacha shugʻullanib kelgan odamlari Tursunalining nazarida gʻirromlik yoʻliga oʻtishgan, uncha-buncha pulni oʻmarib qoladigan boʻlishgan edi. Gulday qizining nomusini hadya etishdan qaytmagan Toshboltaning sadoqatiga ishonib, Magadanga olib boriladigan bir vagon pomidorni unga topshirdi. Toshbolta pulga qoʻshib, bu yerlarda topilishi qiyin boʻlgan tilla-javhar buyumlarni olib kelib bergach, moʻljalni bexato olganidan oʻzicha quvondi. «Men buni bir laqma oshpaz deb yursam, baloning oʻqi ekan-ku!» deb ishonch darvozalarini kengroq ochdi.

Toshboltaga aynan shu — ishonch darvozasidan oʻtib, ichkariroq kirib, yaxshiroq oʻrnashib olish kerak edi. Aslida u yulduzni benarvon uradigan toifadan emasdi. Tursunali gumon qilganidek, ozgina laqmaligi ham bor edi. Ammo kattaroq daromadning hidi dimoqqa urilsa hiyla bosh koʻtarib, laqmalikni quvar ekan. Vagon Magadanga yetib borgunicha sheriklarining suhbatlariga zehn solib, pulni pulga urishtirib tilla «yasash»ni oʻrgandi. Magadandagi mijozlar esa «direktorga yaqin odam»ni oʻzlariga ogʻdirib olish uchun bu kasbning sir-sinoatlarini oʻrgatdilar. Pulning bir qismiga javhar koʻzli tilla uzuk olib borish ham ana oʻshalarning maslahati bilan boʻlgan edi. Birinchi safardayoq kishi bilmas tarzda puldan oʻmarib qoldi. Tursunali uning «sadoqati»dan, «vijdonan ishlashi»dan mamnun boʻlgan holda foydadan tuzukroq ulush ajratdi. Choʻntak pulga toʻlgach, yurish-turish ham boʻlakcha boʻldi. «Koʻrmaganning koʻrgani qursin», deganlari shu-da!

Tursunali qamaldi-yu, «norasmiy qaynota» ikki jumboq qafasida qoldi. Birinchi jumboq — tilla bezaklarga oid edi. U Sibiriya tomonlardan har safar tilla-javhar bezak olib kelardi. Tursunali qamalib, uyi tintuv qilinganda «boylik chiqmagan» emish. «Boylik topishni bilgan yashirishni ham bilgandir, ammo qaerga yashirgan?» Toshboltaning tinchini olgan jumboqning asosiysi shu edi. Qizidan bir necha marta soʻradi, Nafisa «bilmayman», deb yelka qisib turaverdi. Ikkinchi jumboq Sibirga qatnashning toʻxtashi yoki toʻxtamasligiga bogʻliq edi. Uning baxtiga yangi direktor begonalardan boʻlmadi. Oʻzining qoʻlidan taom yeb yurgan, Tursunalining maishatiga sherik bosh muhandis yigit direktorning kursisiga oʻtirdi. Bir oy mobaynida bogʻdagi mehmonxonaga qadam bosmadi. Kelgan mehmonlarni ham idoradan nari kuzataverdi. Yangi «halol» rahbarning ibratli ishlari haqida gap-soʻzlar boshlangach, ustozining yoʻliga pinhona tarzda oʻta qoldi. Meva-chevalar pishishi arafasida Toshboltani chaqirib, Sibiriya safari haqida surishtirib, ishni avvalgiday davom ettirishi lozimligini aytdi. Soʻng:
— Nafisaxon sogʻ-salomatmilar? Bu tomonlarga bir kelaman ham demaydilar-a? Kelsalar bexabar qolmaylik, — deb qoʻydi.

Bu bilan ustozining merosxoʻri sifatida oʻynashga ham ega chiqajagini shipshitgan boʻldi.

«Obbo xunasa-ey, sening ham darding bormi?! — deb oʻyladi Toshbolta Qashlanib. «E, bola, mening qizim fohisha emas, eri bor, uy-joyi bor!» — deb siltamoqchi boʻldi-yu, oʻzini tiydi. «Gapiraveradi-da, koʻz tikkani bilan qizim kelib toʻshagiga yotib olarmi-di», — deb oʻzini ovutdi.

El ogʻzida «Ot bosgan joyni toy bosadi», degan naql yuradi. Shunga koʻra Tursunali ot boʻlsa, shogirdi toy misol edi. Qoʻpolroq tarzda tavsif berilsa, Tursunali tupirganu u yalagan edi. Ustozi qamalganida uning ham paytavasiga qurt tushdi. Harholda ustozi oshni oʻzi oshalagani bilan unga yalatib turardi. Yangi direktor Yaratganga emas, rahbarlariga shukr qiladi: har tugul oshalaganlarni olishdi-yu, yalaganlarga marhamat darvozalarini ochishdi. Ular anglashmadiki, yaloqxoʻrlarning nafsi oshalaganlardan ham buzuqroq boʻladi. Oshalagan qorni toʻygunicha yeydi. Yaloqxoʻr esa koʻzi toʻygunicha. Koʻzning hech qachon toʻymasligi esa barchaga ayon. Xususan, kattalarning xizmatini qilib yurib fe’l-atvorlarini bilib olgan Toshboltaga ham ma’lum bu. Shu sababli qizi tilga olinganda uning koʻzlarini oʻyib olgisi kelgan boʻlsa-da, oʻz aravasini oʻzi tortib ketishga qurbi yetmasligini bilgani uchun oʻzini tiydi. «Yaloqxoʻr» deb yangi direktordan nafratlangani bilan tirjayib, unga qulluq qilib turishga majbur edi.

Yangi direktor ham Toshboltani suymas edi. «Belida belbogʻi boʻlsa gulday qizini xoʻjayinga oʻynash qilib qoʻyarmidi», deb gʻijinib yurardi. Bu gʻijinish pokizalik alomati emas, balki rashk olovining mevasi edi. Tursunalining qilmishi haromning oʻzi boʻlgani kabi buning gʻashligi halollik emas edi. Ba’zan bu goʻzalning bir kechalik ogʻushi uchun dunyosini berishga rozi boʻlib ketardi. Omadini qarangki, dunyosini bermasa ham jonon naqd boʻlib qoldi. «Bu Oshbolta deganlari hozircha xizmatimni qilib yuraversin. Vaqti kelganda bir tepsam enasinikiga kirib ketadi» — yangi direktorning moʻljali shu edi.

Bir-birlarini yomon koʻrganlari bilan ularni nafs deb nomlangan koʻrinmas zanjir mahkam bogʻlagan edi. Nafsning miqdorini oʻlchaydigan tarozi boʻlganda ham qaysi biriniki buzuqroq ekanini aniqlab bera olmas edi. Nafsga bandi bandalar shu holatlarida bir-birlari bilan murosa qila oladilar. Pokiza hayotni afzal biluvchilar esa arzimagan masalalar boʻyicha gap talashib, oqibatda ittifoq qila olmaydilar va oqibatda nafsga bandi bandalar yetkazgan zulmdan azob chekib noliy boshlaydilar.

Toshbolta ham, yangi direktor ham qimorbozning «gardkam!» deyishi kabi tavakkal qilgan edilar. Dastlabki ittifoq ikkovlari uchun ham manfaatli edi. Ayni choqda ikkovi ham ajralish onlariga tayyorgarlik koʻrardilar. Yangi direktor Toshboltaning avvalgi kabi sadoqat bilan ishlashiga ishonmagani sababli uning oʻrniga «oʻz odami»ni tayyorlardi. Toshbolta ham yangi xoʻjayin eskisi kabi marhamatli boʻla olmasligini anglab mustaqil ish yuritishni, hatto boshqa yerga koʻchib ketishni koʻzlardi. Shu borishida Sibiriyada orttirgan oshnalari bilan maslahat qilib ayrim ishlarni pishitdi. Yangi direktorga topshiradigan puldan koʻproq urib qolib, noyob mollar xarid qildi. Safardan koʻngli toʻlib, yaxshi niyatlar bilan kelib qizi yashaydigan uy eshigini ochdi-yu...

Yaratgan tayyorlab qoʻygan mukofotlardan biri — shu edi...

Koʻzlariga ishonmadi. Xuddi tush koʻrayotganday boʻldi. Eshikni ochishi bilan dimoQiga sassiq hid urilganida «Eri bilan ketgan boʻlsa, ovqat-povqati hidlanibdi», deb oʻyladi.

Keyin... avval notanish erkakning jasadini koʻrib bir seskandi. Soʻng qizining ahvolini koʻrib tanasidan jon chiqib ketganday boʻldi. «Qizim! Nafis!» — deb baqirmoqchi edi, ovozi pichirlab chiqdi. Koʻz oldi qoronQilashib, hamma narsa ayqash-uyqash boʻlib ketdi. Ana shu qoronQulik qa’ridan qaynonasining hayqirigʻi otilib chiqdi: «Seni Xudo ursin!!».

Militsiyaga xabar qilgach, yuklarni ichkari olib kirdi-da, jomadon ustiga holsizlanib oʻtirdi. Boshini changallab, tebrandi. Yigʻlashi kerak edi — yigʻlay olmadi. Yigʻi ham Ollohning ne’mati ekan, rahm qilganiga berar ekan bu ne’matni. Yaratgan Toshboltaga bu onda yigʻisiz ruh azobini ravo koʻrdi.

Poezdda kelayotganida yuragi gʻash edi. oʻashlikni yoyish uchun sheriklari uzatgan aroqni qaytarmay ichaverdi. Ikki tun ketma-ket birinchi xotinini tushida koʻrdi. Xotini ozib ketgan, eti ustixoniga yopishgan holda emish. Holsiz emish, xasta emish. «Meni qaraydiganim yoʻq, mehribonim yoʻq», deb yigʻlar emish. Koʻzlaridan oqqan yosh muz donalariga aylanib qolarmish. Toshbolta «Seni bu yerdan olib ketaman», deb opichib olganmish. Xotini esa yigʻlab, yalinib «yoʻq, olib ketmang, oʻzingiz keling», der emish.

Toshbolta ertalab uygʻonib, bu tushidan ajablandi. U tush yoʻyishni bilmas edi. Harholda bu tush yaxshilikka ishora emasligiga aqli yetdi. Keyingi uyqusida xotinini yana koʻrdi. Xotini juldur kiyimda emish. Keyin qaynonasi paydo boʻldi. U qargʻadi, qargʻayverdi, xotini esa kuldi, kulaverdi...

Jomadon ustida boshini changallaganicha tebranib oʻtirgan Toshbolta shularni esladi.

Keyin... odamlar kelishdi.
Keyin... tergovchi soʻroq qildi...
Bularning hammasi tush kabi edi. Goʻyo hozir uygʻonadiganday, dahshatli tush barham topadiganday edi.

Tekshiruvchilar tekshiradiganlarini tekshirib boʻlishgach (Sibiriyadan keltirgan mollari ham e’tibordan chetda qolmadi — xatga tushirildi), «uyni berkitib, muhrlaymiz», deyishdi. Qalbi muhrlangan banda uyni muhrlamoqchi boʻlganlarga nima ham deya olardi? Boshini xam qilib uydan chiqdi. Qizining nomusi sotilganda egilishi lozim boʻlgan bosh ajal tigʻi qoʻzgʻolgach, biratoʻla egildi.

Toshbolta uyiga anchagina mol-dunyo koʻtarib kelishni reja qilgan edi. Bu safar adoqsiz alam-gʻam dunyosini yelkasiga ortmoqlab kirib keldi. Erini gʻamnok ahvolda koʻrgan Adolat avvaliga ajablanib qarab turdi. Keyin uch-toʻrt qadam qoʻyib peshvoz chiqdi-da. «Salomaykum», deb savol muhrlangan nazarini eridan uzmay qarab turdi. Savol soʻralmagan boʻlsa ham Toshbolta bu qarashda «Ha, nima boʻldi, yuklaringiz qani?» degan ma’noni uqib gʻijindi-da, ichida «He, saloming boshingni yesin!» — deb qoʻydi.

...Toshbolta qamoqdan chiqib qishlogʻida uzoq yashay olmagan edi. Xuddi birov atayin uyushtirayotganday qaynotasiga, qaynogʻasi, qaynilariga duch kelaverdi. Ular, ayniqsa qaynonasi, tilda gapirmasalar ham koʻz qarashlari bilan qargʻardilar. Traktorchilikka birga oʻqigan oshnasi choʻldagi yangi sovxozda brigada boshligʻi ekan, onasining ziyoratiga kelganda Toshboltani uchratib, ishga taklif qildi. Tasodifni qarangki, oʻsha yili Adolat ham «qalb da’vati» va komsomol yoʻllanmasi bilan «choʻl quvgani» kelgan ekan. Uning shahardagi qiliqlaridan bexabar Toshbolta jilmayib qoʻyishlariga xushtor boʻlib, «oʻqituvchi xalqi yaxshi boʻladi», degan fikrda odam qoʻydi. Adolat «qamalib chiqqan traktorchiga tegamanmi», deb nozlanib oʻtirmadi. Zero, bu yerga kelishdan maqsadi choʻl quvish emas, biron laqmani topib er qilib olish edi. Unga nomi uchun er boʻlsa bas edi. Shunga binoan uning maqsadi shoirlarning tili bilan aytiluvchi «choʻlquvarlik» emas, balki «erquvarlik» edi. Toshbolta uylangach, «xotinimning ismi oʻziga mos ekan», deb qizini olib keldi. Dastlab turmushidan rozi edi. Adolat koʻp jihatlari bilan birinchi xotinidan a’loroq tuyuldi. Keyin-keyin asal oylari tugab, zahar kunlari boshlangach, «Agar Adolat degani shu boʻlsa, adolatiga ming la’nat!» deb peshonasiga shapati urdi. «Qoʻshning yomon boʻlsa, koʻchib qutulasan, xotining yomon boʻlsa qoʻyib qutulasan», deyishadi. Toshbolta bu maqolni birinchi kim toʻqiganini bilmaydi. Bilganida edi, oʻsha aytgan odam hayot boʻlganida edi, unga tik boqib: «Bekor aytibsan! — derdi. — Gapimga ishonmasang, ana, Adolat degan shaytonning urgʻochisiga uylanib koʻr-chi, qoʻyib qutula olarmikansan!»

Yomon xotun shayotun qamchisidur,
Qoʻlung bogʻlaguvchi argʻamchisidur.
Oʻshal xotunki nomahram nazardur,
Agar u shamsu qamardur mochaxardur.
Agar chandiki buzrukzodadur ul,
Yaqin bil, toʻrt oyoqlik modadir ul...

Ayni chilla paytida brigadalariga bir muxbir kelib, qamish chaylada oshxoʻrlik qilib, «yuzta-yuzta otib» oʻtirishganda yomon xotindan gap chiqdi-yu, mehmon shu satrlarni oʻqib berdi. Ayrim soʻzlariga yaxshi tushunmasa ham she’r Toshboltaga ma’qul kelib, uch marta qayta oʻqittirdi. Muxbir yigit «xotin oydek boʻlsa ham, quyoshdek boʻlsa ham, agar u yomon boʻlsa urgʻochi eshshakning oʻzidur», deb izoh bergach, toʻlqinlanib, koʻzlari yoshlanib «akam boʻlasiz!» deb choʻlpillatib oʻpib ketdi. Soʻng satrlarni bir parcha qogʻozga yozdirib ham oldi. Kayfi tarqagach, she’rni ham, satrlar yozilgan qogʻozni ham unutdi. Koʻylagi yuviladigan boʻlganda Adolatning qoʻliga tushib, u labini burdi. She’rni oʻsha muxbir yozgan deb oʻylab, eriga dashnom berdi-da: «oʻshaningiz bekorlarning beshtasini aytibdi, shayton urgʻochi boʻlmaydi, erkak boʻladi, she’r ham «yomon xotun emas, yomon erkak deyilgan», deb donolik qildi. Uning ishonch bilan aytgan gaplarini tinglagan kishi «shaytonni shu tuqqanga oʻxshaydi, shaytonning erkakligini aniq bilyapti-ku» deyishi mumkin.

Er-xotin orasida birinchi janjal chiqqanida Adolatning oʻzi unga «ovora boʻlmang, meni qoʻya olmaysiz. Mendan faqat oʻlibgina qutulasiz», deb dangal aytgan edi. Toshbolta nima qilsin, taqdirga tan berib yashayverdi. Faqat ichib olgan kezlari doʻstiga hasrat qilib «e, oshnam, sen mening dardimni bilmaysan, peshonamning shoʻrini oʻlchash uchun traktor tortadigan tarozining ham kuchi yetmaydi», deb nolirdi. Adolat esa mehribonlik qilib unga yana uchta qiz tugʻib berdi. Qizlari tugʻilgunicha bir navi edi. Ana undan keyin Nafisaning ham qora kunlari boshlandi. Oʻgay ona qanday boʻlmogʻini bilmoq istaganlar Nafisadan soʻrasalar edi, u aytib berardi. Oʻgay onalarning zulmi haqida hikoyalar koʻp. Adolat ulardan oʻtsa oʻtardiki, kam emas edi. Nafisani Tursunaliga roʻpara qilish fikri dastlab aynan shu xotindan chiqqani inobatga olinsa, makr bobida tengsiz ekanini anglamoq mumkin.

.. Toshbolta oʻlikxonaga olib ketilgan qizining murdasini qachon olishi mumkinligini soʻrashni ham unutib, qishlogʻi sari yoʻl olganida Adolatning oʻsha fikrini esladi. Esladi-yu, boʻgʻildi. Shunda ham «Ahmoq xotinning gapiga kirgan — men ahmoq!» demadi. Uning aqlsiz aqliga bunday gapning kelishi mumkin ham emasdi. Buning oʻrniga «Nafisani direktorga qoʻshingu keyin Tursunalini sogʻin sigirday sogʻib yuravering», degan tillarini uzib olgisi keldi. Qanday qilib qoʻshishni oʻrgatgan bu xotinni oʻsha paytda oʻldirmaganiga achindi. «Oʻldirganimda meni ham otishardi, bu azoblarga duch boʻlmas edim...».

Toshbolta qizining shu yoʻl bilan baxtli boʻlishiga ishongan edi. Dastlab baxt quyoshi charaqlagan ham edi. Bu nurdan uning xonadoni bahramand edi. Uylariga gilamlar... rangli televizorlar kirgan edi. Sibiriyaga qatnay boshlagach, u ertakdagi baliqchi cholga, Adolat esa kampirga aylandi-qoldi: teshik togʻoraga qanoat qilmadi, saroyga ham... Uylari direktornikidan kam emasdi... Navbat «Jiguli»ga yetganda...

Baxt quyoshi birdan soʻndi. Baxt quyoshi deb oʻylab yurganlari aldamchi koʻrinish ekan. Bu quyosh deb oʻylaganlari nur emas, qon sachratayotgan ekan.

Toshboltaning nazarida bularning barchasiga Adolat aybdor edi. Uyiga kela kelgunicha bu fikr qat’iy qaror quvvatini oldi. Shu bois ham salomga alik olmay «saloming boshingni yesin», deb qoʻygan edi.

Toshbolta ayvonga toʻshalgan koʻrpachaga omonat oʻtirdi. U aslida uyga kirmay qishloqdagi oshnalarinikiga borib, boshiga tushgan kulfatdan ogoh qilmoqchi, «qaerga koʻmganimiz ma’qul, shu yergami yo qishloqqami? Togʻalariga xabar berayinmi yo yoʻqmi?» deb maslahatlashmoqchi edi. Keyin fikrini oʻzgartirib, xotinga xabar berib qoʻyay, deb yoʻlni uyga burgandi. Koʻrpachaga oʻtirgach, bir xoʻplam choy umidida xotiniga qaradi. Xotin esa uning roʻparasiga oʻtirib oldi. Toshbolta choy soʻrashni ham, kulfat xabarini aytishni ham bilmay garang, Adolat esa erining ahvoliga tushunmay hayron edi. Xotin kishining sabr kosasi erkaknikiga nisbatan sayozroq boʻladi. Shu bois ham birinchi boʻlib Adolat tilga kirdi.
— Ha, muncha, men yeb siz quruq qolganday tumtayyapsiz? Nima boʻldi, yorila qoling!

Toshbolta uchun bu gaplar yangilik emasdi. Avvallari eshitganida «e, oʻchir!» — deb qoʻya qolardi. Hozirgisi goʻyo oʻq boʻldi-yu, azob iskanjasidagi yuragiga qadaldi.
— Uningni oʻchir, qanjiq! — deb baqirib yuborganini oʻzi ham bilmay qoldi.

Kuchli, ayni damda alamli hayqiriq bilan otilib chiqqan bu haqorat Adolatning hushini oldi. Uncha-bunchaga gap bermaydigan, boʻyin egmaydigan bu xotin chindan ham «unini oʻchirgani» ma’qulroq ekanini anglab, chaqqon oʻrnidan turdi-da, oshxonaga qarab yurdi. Bir ozdan soʻng choynak-piyolani koʻtarib kelib, eriga choy kuyib uzatdi:
— Dadasi iching, hovuringiz bosiladi.

Iliq lafz bilan aytilgan bu gap ham Toshboltaga malol keldi.
— Hovurim bosilsinmi? Hovurim bosilishini istab qoldingmi?! He, enangdi... He, seni menga roʻpara qilgandi... — deb turib tuyqusdan piyolani otdi. Adolat chaqqonlik qilib boshini egib qolmaganida piyola naq peshonasiga tegardi. Erining fe’lini yaxshi bilgan Adolat Gʻazab oʻtining alanga olishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida chaqqon oʻrnidan turdi. Bunday holatda koʻp ayollar qochishga, berkinishga harakat qilishadi. Adolat esa oʻzini tank ostiga tashlaydigan jasur askar kabi eriga yaqin kelib, yelkasidan quchib oldi.
— Voy, dadasi sizga nima boʻldi? Sizni qaysi uying kuygur xafa qildi? — deb ovuta boshladi.

Adolatning makri amal qilib Toshbolta picha hovuridan tushdi. Boʻgʻziga yigʻi kelib, koʻzlari pirpiradi.
— Ayting, ayta qoling, yengil tortasiz, nima boʻldi?
— Nafis... Nafisni oʻldirib ketishibdi... — Shunday deb yigʻlashi lozim edi, ammo boʻgʻziga qadar kelgan yigʻi zohirga chiqa olmadi.
— Oʻldiribdi? Qaysi uying kuygur oʻldiribdi? Nima qasdi bor ekan?

Toshbolta «bilmayman», deb bosh chayqadi.

Adolat bir zum jim qoldi. Keyin past ovozda:
— Bir kunmas bir kun shunday boʻlishini bilardim, — dedi.
— Nimani bilarding? — dedi Toshbolta sergak tortib.
— Jahlingiz chiqmasinu, gʻar boʻl, oʻgʻri boʻl, insof bilan boʻl, deyishadi.
— Nima?! — Xotinining bu gapini eshitib, Toshboltaning koʻzlari kosasidan chiqar darajada olay-di: — Nima deding, qanjiq?! Hali mening qizim senga gʻar boʻldimi?!

Toshbolta shunday deb xotinini tirsagi bilan turtib yubordi. Adolat kutilmagan zarbdan yiqildi. Astoydil doʻpposlashga hezlanib oʻrnidan turayotgan erining vajohatini koʻrib, kurash qurolini oʻzgartirishi lozimligini angladi. Harbiylarda «eng ma’qul mudofaa usuli — hujumdir», degan haqiqat bor. Adolat harbiy emas, bu qoidani bilmaydi. Ammo xalqda mavjud «qoʻrqqan oldin musht koʻtarar», degan maqoldan xabardor boʻlgani sababli eridan avvalroq oʻrnidan turib, unga chekchaydi:
— Ha, gʻar boʻlmay goʻrmidi? gʻarligini bilmasmiding?!

Avvalgi janjallarda Adolat baqirib, sensiray boshlaganida Toshbolta «Sen it bilan teng kelamanmi», — deb chekinib qoʻya qolardi. Adolat bu safar ham shunday boʻlishiga umid qilib yanglishdi: bu shunchaki «er-xotinning urushi — doka roʻmolning qurishi» emas, oʻrtada fojiali oʻlim topgan farzandning ruhi bor edi. Toshbolta uning sensirashiga ham, baqirishiga ham parvo qilmay Adolatni urib qoldi. Adolat «Voy-dod!» deganicha hovliga qochdi. Toshbolta uni quvlamoqchi boʻlganida oyogʻi zinada toyib ketdi-yu, yonboshiga gursillab yiqildi. Chakkasi ayvon ustuniga urildi.

Adolat bu holatni koʻrib, avvaliga «Ajab boʻlsin, battargina boʻl-a!» — deb oʻyladi. Soʻng erining qimirlamay qolganini koʻrib «voy oʻlayin, voy dadasi!» — deb yugurganicha yaqinlashdi. Toshbolta hadeganda xushiga kelavermagach «Voy-dod, erim oʻlib qoldi! Voy-dod, shunqorimdan ayrilib qoldim!» deb faryod koʻtardi. Uning ovozini eshitgan qoʻshnilar chiqib, Toshboltani koʻtarib ayvonga yotqizishdi, vrach chaqirishdi. Vrach «Shu yerda qimirlamay yotsinlar, qimirlatsanglar uzilishlari mumkin», dedi.
— Tuzalib ketadilarmi, axir? — deb soʻradi Adolat.
— Umid qilavering.

Adolat bu javobni eshitib «Doʻxtur boʻlmay oʻla-a, tuzatish qoʻlingdan kelmasa, nimaga umid qilaman»,— deb mingʻirladi.

Ertasiga Toshboltaning xastaligidan xabar topgan oshnalari kelishdi. Yengil xurrak otib, harakatsiz yotgan doʻstlariga achinib qarab oʻtirishdi. «Yoʻlda urinib qolgandir?» — deb xulosa chiqarishdi. Shunda Adolat:
— Yoʻl ham bir goʻr, qizlarini oʻldirib ketishibdi. Shundan kuyib ketdilar, — dedi.

Oshnalar bu kutilmagan fojea xabaridan ajablanib: «Qachon? Qaerda?» deb soʻrashdi. Adolat «aytishga ham ulgurmay shunaqa boʻlib qoldilar», — deb bezrayib oʻtiraverdi. «Dafn etishibdimi?» degan savol ham javobsiz qoldi. Shunda ular «Dafn etadagʻon boʻlsa oʻsha yerdan telpon qilib xabar berardi, uch kun oʻtirardi», degan toʻxtamga kelishdi.

Bir oz jimlikdan soʻng oshnalardan biri:
— Unda borib mayitni olib kelish kerak, dafn etish kerak, — degan taklifni aytdi.

Ayvonning bir chetida oʻtirgan Adolatga bu taklif ma’qul kelmadi.
— Koʻmadigan eri bor-ku? — deb tanbeh berdi.

Oshnalar bu xotin oldida maslahatlashish ortiqchaligini bilib, oʻrinlaridan turishdi. Bu xonadondan chiqib toʻgʻri samovorxonaga bordilar-da, maslahatlarini davom ettirdilar. Oradan bir soat oʻtmay uch kishi shaharga yoʻl oldi. Bir kishi Toshboltaning qishlogʻiga, Nafisaning togʻalariga xabar berish uchun joʻnadi.

Mayitni olib ketamiz, deb kelgan uch kishi kun boʻyi ovorai-sarson boʻldilar. Maslahatni xom-xatala pishirib yoʻlga chiqaverganlaridan afsuslandilar. Marhumaning uyini bilishmasa, nasabini bilishmasa, erining kimligini bilishmasa bu katta shaharda ular sarson boʻlmay yana kim boʻlsin? Ular yoʻlga chiqishganda «oʻlikxonaga boramizu» ogʻaynimiz Toshbolta kasal boʻlib qoldi, qizining jasadini beringlar», deymizu jasadni moshinga yuklab shomgacha yetib kelamiz, bomdodga chiqaramiz», deb moʻljal qilishgan edi. Avtobusdan tushishgach, bir taksini kira qilishib, «bizlarni oʻlikxonaga boshlab boring, uka», deyishdi.
— Qaysi biriga? — dedi taksichi.
— Ie, oʻlikxona koʻpmi bagʻda? — deb ajablanishdi oshnalar.
— Katta kasalxonalarning har birida bor-da, — dedi taksichi.
— Unda eng kattasiga boshlang, — deyishdi oshnalar.

Kasalxonada «qachon oʻlgan, familiyasi nima?» degan savolga yelka qisish bilan javob berishdi. Ikkinchi joyga borishganida ham shu savolga duch kelishib «egasiz murdalar boʻlsa, koʻrsating», deyishdi. Koʻrishdi ham. Uchinchi yerga borishganida «qachonligini bilmaymiz-u, ammo bir-ikki kun ichida oʻldirib ketishgan shekilli», — deyishdi. Ana shunda masala sal oydinlashib «kasalxonalardan axtarmanglar, oʻldirilgani aniq boʻlsa boshqa yerga boringlar», deb qaerga borish lozimligini tushuntirishdi. U yerda ham «familiyasi?» degan savolni eshitib xunob boʻlishdi.
— Xoy, uka, tushunyapsizmi, juvonni oʻldirib ketishgan, — deyishdi.
— Akaxonlar, yilda bitta juvonni oʻldirib ketishgan boʻlsa, gaplaringga tushunardim. Oʻntami-oʻn beshtami egasiz oʻlik yotibdi...

Oshnalardan biri tarang qilayotgan yigitning choʻntagiga pul qistirgach, ichkari kirib Nafisani tanidi.
— Shu juvon, oʻrab bering, uka, olib ketaylik,— dedi.
— Sizlar kimi boʻlasiz, ruxsat oldilaringizmi? — degan savolga javob boʻlmagach, pul ham yordam bermadi. Uchovlari shomga yaqin izlariga qaytishdi. Ertasiga yetib kelgan Nafisaning togʻasi bilan yana shaharga tushib, mayitni oldilar. Nafisaning togʻasi janoza qishlogʻida boʻlajagini aytgach, noiloj unga ergashdilar.

Dafn marosimida kuyib yigʻlaguvchi boʻlmadi.

Faqat achindilar:

«Yosh ketdi, bechora...»

Otaga farzandining qabriga bir siqim tuproq tashlash nasib etmadi. Xudo hattoki shuni ham koʻp koʻrdi unga...

Omonullo bu gaplardan bexabar boʻlgani uchun mayitning kechikib olib ketilishidan ajablangan edi. Oʻlikxonadagilar bilan gaplashib dastlab uch notanish odamning, soʻng ertasiga marhumaning togʻasi kelganini bilgach, Toshboltaning qishlogʻiga borish ehtiyoji tugʻildi. Uning nazarida bu holatda ham qandaydir sir yashirin edi.

Omonulloni depara ichki ishlar boʻlimining vakili Toshbolta yashaydigan qishloqqa boshladi. Vakil hech bir lutfsiz, manziratsiz eshikni ochib, hovliga kirib bordi. Omonullo esa unga ergashdi. Toshbolta ayvonda, bir necha kun avval qoʻshnilar yotqizib qoʻygan joydan jildirilmagan edi. Bemorning bosh tomonida oʻtirgan oq doʻppili qariya qur’ondan oyatlar oʻqib vaqti-vaqti bilan dam solib qoʻyardi. Kir chayayotgan Adolat hovliga bostirib kirgan notanish erkaklarni koʻrib, qoʻllarini peshbandiga artganicha oʻrnidan turdi-da, ularga roʻbaroʻ boʻldi.
— Biz militsiyadanmiz, — dedi vakil, soʻng e’tiborsizlik bilan qoʻshib qoʻydi: — siz ishingizni qilavering. Domla oʻqib boʻlgunicha kuta turamiz.
— Oʻqimay oʻla qolsin, bu domla, bir foydasi boʻlsa ekan, — dedi Adolat mingʻirlab.

Bu gaplar mingʻirlab aytilgan boʻlsa-da, Omonullo eshitib ajablandi. «Bu xotinning esi joyidami oʻzi?» deb oʻylab, ayvonga yaqinlashdi. Oq doʻppili qariya unga bir qarab oldi-yu, oʻqishini, dam solishini davom ettirdi. Toshboltaning ochiq koʻzlari shiftga qadalgan, faqat dam solingan paytda behalovat tarzda, nimanidir izlaganday alang-jalang boʻlib ketardi. Qariya faqat oʻzi eshitadigan tarzda pichirlab duo oʻqidi-da, bemorning yelkalari, boshini uqalagach oʻrnidan turdi. Omonullo bilan hilmlik ila soʻrashdi. Shunda Omonullo qariya yuzida ajib pokizalik, ajib nurni ilgʻadi.

Adolat ayvonga yaqinlashib, sholchaning bir chetini koʻtardi-da, pul olib «mang, ota», deb uzatdi.
— Hojati yoʻq, singlim, — dedi oq doʻppili qariya.— Men Ollohning roziligi uchun xolis xizmat qildim. Yaratgandan shifo tilang, ammo sergak turing. Umid — yolgʻiz Ollohdan, — qariya shunday deb bir-ikki qadam bosdi-da, toʻxtab, orqasiga qaradi: — Ha, darvoqe, singlim, Xudo xayringizni bersin. Zinhor ba zinhor «oʻqimay oʻla qolsin, bu domla», demang. Gunohlardan oʻzingizni asrang. Ajrni berguvchi yolgʻiz Ollohdir.

Adolat bu tanbehdan uyalib, qizarib oʻtirmadi, «shuni ham eshitibdimi-ya?» deb qoʻya qoldi. Omonullo esa «mingʻirlab aytilgan bu gap qanday ma’lum boʻldi?» deb ajablandi.

Oq doʻppili qariya chiqib ketgach, Omonullo ayvonga koʻtarilib bemor yoniga oʻtirdi-da, salom berdi. Ahvolni koʻrib turgan boʻlsa-da, koʻngil uchun:
— Salomatligingiz yaxshimi endi? — deb soʻradi.

Toshbolta uni koʻrib, tanidi, koʻzlari bejo boʻldi.
— Gapirolmaydi, til ketgan. Oyoq-qoʻl ham ketgan. Tirik oʻlikning oʻzginasi, — dedi Adolat.

Bu qoʻpollik Omonulloga malol keldi.
— Kechirasiz opa, siz bu kishiga kim boʻlasiz? — dedi dagʻalroq ohangda.
— Xotiniman, — dedi Adolat ayvon chetiga omonat oʻtirib. Keyin izoh berdi: — Ikkinchi xotiniman. Oʻzingiz kimsiz?
— Men shahar militsiyasidanman. Nafisa Boltaevaning ishi bilan shugʻullanyapman, — Omonullo shuday deb guvohnomasini uzatdi. Adolat guvohnomani olib, qiziqish bilan tikildi.
— Oʻzi nima boʻlgan? Qiz oʻlgurni nimaga oʻldirishibdi? — dedi u guvohnomani egasiga uzatar ekan.
— Eringiz aytmadilarmi?
— Aytolmadi. Shu zinadan yiqildi-yu, shunaqa ado boʻldi. Oʻlib oʻlmaydi, jonlanib jonlanmaydi. Boshimga bitgan bir balo boʻldi. Traktorchiligida yagʻirlarini yuvaverib qoʻlim qavargan edi, endi isqirtlarini yuvish ham peshonamga yozilgan ekan. Peshonam shoʻr boʻlmasa shunga tegarmidim. Shu savilga tegib men bir roʻshnolik koʻrmadim. Yotishini qarang. Bu yoqda uchta qizi yetilib turibdi. Hali bittasining ham orzu-havasini koʻrganim yoʻq. Ayting, ayting, oʻlib qolmasin, oʻlsa butun yiqqan-terganlarim sovruladi. Hali ham dorilari hamyonni oʻpirib ketyapti. Arzonroq dorilar boʻlsa ham goʻrga edi. Doʻxtur oʻlgur nuqul qimmatini tanlab yozib beribdi.

Omonullo xotinlarning turli toifasini koʻrgan, ammo bunaqasini endi uchratishi edi. «Qani, gapiraversinchi», — deb bir oz qoʻyib berdi. Lekin uzoq toqat qila olmadi. Adolat «shu aytayotganlarim bularga kerakmi?» — deb fikr qilmay, tiliga kelganini qaytarmay gapiraverardi. Telba desa telbaga oʻxshamasdi, sogʻ desa sogʻga. gʻashi kela boshlagan Omonullo uning gapini qoq belida shart boʻldi:
— Eringiz traktorchimidilar?
— Traktorchi boʻlmay goʻr boʻlarmidi? Boshqa hunari yoʻq.
— Irkutskga nima uchun borgan edilar? Traktor olib kelgani emasmi?
— Traktorga balo bormi? Ozgina meva-cheva olib ketuvdi.
— Tez-tez borib turarmidilar?

Adolatning ahmoq ham, telba ham emasligi shu savoldan keyin aniq bilindi. U militsiya xodimi bekorga savol bermasligini anglab, tilini jilovladi. Bir oz oʻylagan boʻlib:
— Bu yil birinchi borishi, — dedi.
— Oʻtgan yillarichi?
— Oʻtgan yili ham bir marta borgan.
— Sheriklari bormidi?
— Bilmayman.
— Boltaevaning uyida ancha mol bor ekan. «Sheriklarimniki» dedilar. Irkutskdan olingan toza mollar ekan.

Adolat eriga Gʻazabli nigohini bir qadab oldi-yu, indamadi.
— Bu mollarni biz egalariga qaytarishimiz kerak. Egasi chiqmasa davlat hisobiga oʻtadi.

Omonullo moʻljalni nihoyatda aniq olgan edi. Adolat moldan ayrilishi mumkinligini his qilib bir seskandi-da, Omonulloga yomon qarash qildi:
— Davlatga oʻtadi? Nimaga oʻtarkan? Egalariga qaytaraman, deysizmi, kim ekan egasi?
— Sheriklari-da. Eringizning oʻzlari menga shunday deganlar.
— Bekor aytibdi. Hech qanaqa sherik-perigi yoʻq. Mol happi halol bizniki.
— Irkutskka qachon ketib, qachon keldilar?
— Ketganiga ancha boʻldi, bir oydan oshdi. Kelishi... shu, avvalgi kuni. Keldiyu shu baloga yoʻliqa qoldi.
— Bizga ma’lum boʻlishicha, bir hafta oldin kelganlar?

Omonullo «otasi oʻldirgan boʻlishi mumkin», degan gumondan uzoqlashgan boʻlsa-da, yana bir qarmoq tashlab koʻrmoqda edi.
— Bir hafta oldin kelgan ekanmi? Qaysi goʻrlarda yurgan ekan?
— Bu yerga kelmadilarmi?
— Kelsa bir qadam siljitmas edim.
— Nega?
— Uy-joyga ham qarash kerakmi? Erkak oʻlgur qaramasa, kim qaraydi? Men xotin boshim bilan yuguraymi?
— Siz «ikkinchi xotiniman» dedingiz, birinchisi qaerda?
— Goʻrda.

Omonullo buni toʻgʻri ma’noda aytyaptimi yo piching qilyaptimi, fahmiga yetolmay, savol nazari bilan qaradi.
— Ha, nimaga qaraysiz? Goʻrda dedim-ku? Oʻlgan-da.
— Qachon?
— Bilmayman. Qamoqdan chiqib kelganidan keyin tekkanman men bu yer yutkurga. Aniq bilmayman-u, ammo xotinini urib oʻldirgan ekan. Shunaqa jinniligi bor, menga ham tashlanib qolardi.
— Urib oʻldirgan? Qamalish sababi boshqacha-ku?
— Boshqa boʻlsa boshqadir, men eshitganimni aytdim.
— Boltaeva bu yerga tez-tez kelib turarmidi?
— Kelardi, lekin tez kelarmidi yoʻqmi, hisoblamaganman.

Omonullo portfelidan Sanjar Ibrohimovning suratini olib koʻrsatdi:
— Shu odam bilan kelganmi hech?

Adolat suratga tikilib turib, bosh chayqadi:
— Tanimadim. Toʻgʻrisini aytaymi, bir-ikki marta sariq-moshak eri bilan kelgan edi. Keyin oʻzi kelib-ketib yuruvdi. Oʻsha savil qolgur er bilan birga yurishga uyalgan-da. U odamni koʻrgandirsiz? Qanday qilib koʻngli tortib er qildi, hayronman. Undan koʻra, ersiz oʻtgani ming marta yaxshi. Shunaqa deyman-u, lekigin bu «shilta»ni oʻsha taviyadan boshqasi olmas ham edi-da.

Adolat shu gapni aytganidan keyin Toshbolta gʻalati ovoz chiqarib ingradi. Omonullo ovoz chiqishi bilan unga qaradi. Toshbolta kipriklarini pirpiratib, iltijo bilan boqardi. Soʻng koʻzlarida yosh paydo boʻldi. «Xotinining gapi yoqmay bir nima demoqchi boʻlyapti», — deb oʻyladi Omonullo. Keyin tinmay javrayotgan xotinning gapini boʻlib, soʻradi:
— «Shilta» deyishga biror asosingiz bormi?
— Voy, asosmi? Asos tiqilib yotibdi. Bu qiz oʻlgurning oldingi direktorga oʻynash boʻlganini yetti yoshdan yetmish yoshgacha — hamma biladi. Endi yangi direktorning toʻshagini obod qilyatuvdi.

Bu gapdan keyin ham Toshbolta ingradi.
— Nimaga gʻingshiysiz? — dedi Adolat ovozini balandlatib. — Boqqa borib kelganlaring yolgʻonmi? har boʻl, oʻgʻri boʻl, insof bilan boʻl-da! Boshingda ering boʻlganidan keyin oʻtirmaysanmi uyingda...

Adolatning ogʻzidan chiqqan keyingi gaplarni Omonullo bozor yoʻlida «folingdan ochayinmi, molingdan ochayinmi», deb oʻtirguvchi loʻli xotinlardan eshitib, bulardan boshqa tuzukroq gap chiqmasligini bilgani uchun ham achchiqlanmagan edi. Ammo eri bu ahvolda yotgan ayoldan shu gapni eshitib gʻazabi qoʻzgʻadi.
— Siz biron yerda ishlaysizmi? — deb soʻradi dagʻallik bilan.
—Ishlamay nima, shunga boqimanda boʻlib oʻtiramanmi? Maktabda ishlayman.
— Kim boʻlib, farroshmi?
— Vey, nima deyapsiz? Men oʻqituvchiman. Oliy ma’lumotli oʻqituvchiman!
— Oʻqituvchi?.. Maktabning ham, bolalarning ham shoʻri qurigan ekan unda, — Omonullo shunday deb oʻrnidan turdi.
— Voy, voy, ogʻzingizga qarab gapiring, nima deyapsiz?
— Ogʻzingizdan chiqayotgan gaplarni qarang.
— Gaplarimga nima boʻpti? Vey, sen kimsan oʻzing, menga tanbeh beradigan? Sen borib oʻzingning xotiningga qil dagʻdagʻangni, bildingmi? Sen yigirma yil shunaqa traktorchi bilan yashachi, koʻraman ahvolingni!
— Hov opa, tilingizni tiying, bunaqa deyishga haqqingiz yoʻq, — dedi shu paytgacha jim turgan depara vakili.
— Oʻzing tiy tilingni. Qani, bir joʻnab qollaring-chi, huv, qoralaring oʻchsin-a...

Omonullo oʻzini xotinning shallaqiligiga e’tibor bermaganday tutib, koʻcha eshik tomon yurdi. Hovli oʻrtasiga yetganda toʻxtab, vakilga topshiriq berdi:
— Leytenant, bu opangizni rayonga chaqirib soʻroq qilasiz. Natijasini yozma ravishda yetkazasiz.

Vakil bu topshiriqni poʻpisa uchun berilganini anglab, baland ovozda:
— Xoʻp boʻladi, oʻrtoq kapitan! — deb qoʻydi.

Bu poʻpisadan keyin sal popugi pasayar deb oʻylashgan edi, yoʻq, aksi boʻlib chiqdi:
— Rayoningga desang, rayoningga boraman. Kerak boʻlsa Maskovingga boraman. Meni qoʻrqitmay qoʻyaqol. Sen oʻgʻrini qoʻrqit, banditni qoʻrqit. Mening nimamni soʻroq qilasan? Oʻgʻrilik qilibmanmi, gʻarlik qilibmanmi?

Omonullo bu xotinga hatto shayton ham bas kelolmasligini anglab, qadamini tezlatgan edi, kutilmaganda Adolat:
— Toʻxtang, hay toʻxtang, — deb qoldi.

Hozirgina sensirab, qargʻash darajasiga yetgan ayolning sizsirashi, ovozining muloyimlashuvi gʻalati edi. Shuning uchun ham vakil beixtiyor:
— Ha, opa, tinchlikmi? — deb yubordi.
— Senda gapim yoʻq, sen ketaver, — dedi Adolat unga, keyin Omonulloga yaqinlashib soʻradi: — Men mollarni olgani qachon boray?
— Qaysi mollarni? — dedi Omonullo xuddi tushunmaganday.
— Voy, qaysi deganingiz nimasi? Erim olib kelgan mollar-chi!
— Mollar sizga berilmaydi, egasiga beriladi.
— Egasini koʻrib turibsiz-ku?
— Yaxshilab qarang, tuzating. Tuzalganlarida borib oladilar.
— Voy, savil, voy savil...

Adolat shunday deb qolaverdi.

Koʻchaga chiqib mashinaga oʻtirishgach, Omonullo «uf» tortdi:
— Agar shu odam oʻlsa, toʻgʻri jannatga boradi. Bu odam bilan savol-javob boʻlmaydi, — dedi, u.
— Nega? — deb soʻradi vakil kulimsirab.

Omonullo bu xotinning shallaqiligidan bezib Fotima oʻqib bergan satrlarni eslagan edi. Mirzo Bobur Husayn Boyqaroning katta xotini Beka Sultonbegimni yoza turib, «koʻp kajhulq edi», deb «yaxshi kishining xonasidagi yomon xotun shu dunyoning oʻzidayoq uning doʻzaxidir», degan mazmundagi baytni yozgan ekan. Hozir shu bayt mazmuni yodiga kelib aytvordi shu gapni. Vakilning «nega?» degan savoliga esa Boburdan misol keltirishni istamay, soddagina qilib: «Bu xotin bilan yashagan erkak doʻzax muddatini oʻtab boʻlgan hisoblanadi», deb qoʻyaqoldi.

Ular bu uydan chiqib toʻgʻri sovxoz idorasiga bordilar. Yangi direktor «Nafisa Boltaeva nima uchun kelgan edi?» degan savolga «Men rahbar boʻlganimdan beri uni koʻrganim yoʻq. Tursunali akamga kelib turardi», deb javob berdi. Omonullo gapni har qancha chalgʻitsa ham «kelmagan, koʻrmaganman», deb turib oldi.

Omonullo xayrlashar mahalida «yana kelamiz, uchrashamiz», deganida ham u «yana kelsangiz ham gapim shu: koʻrmadim», — dedi.

Yangi direktor aldamadi: Nafisa kelganida u shaharda edi. Juvonning kelib-ketganini bogʻ qorovulidan eshitib, «eh attang!» deb afsuslangandi. Omonulloning savollaridan keyin «yaxshi hamki u falokat kelganida yoʻq ekanman», deb shukr qildi.

Luqma (qotillikdan avvalroq sodir boʻlgan voqea)

Tursunali boyligini qaerga yashirganini aniq aytgan boʻlsa ham Tengiz shoshilmadi. Qish oʻtib bahor kelsa-da, xazina haqida gap ochmasdan yuraverdi. Bu orada Tursunalining yarasi tuzaldi. Lager huzuridagi hibsxonada yotib, tergovchi soʻroqlariga javob berdi. Tursunalining baxtiga tergovchi uni urmadi, qiynamadi-yu, oxir-oqibat «oʻzini himoya qilayotganida meyorni oshirib yuborgani uchun» yana qoʻshib berishdi. Lager hibsxonasidan chiqqanida Tengiz uni yoʻqlab, dalda berdi:
— Umrim qamoqda chirir ekan, deb afsuslanma. Agar aytganing rost chiqsa, seni yurtingdagi lagerga joʻnattiraman. Muddating yarmidan oʻtishi bilan erkinlikka chiqasan. Mening gapim — gap!

Tursunali bu gaplarga bir ishonib, bir ishonmay yurdi. Ishonmagani — muddati yarimlagunicha kim boru kim yoʻq. Ayniqsa, bu oʻgʻrilar olamida bugun bor odamning ertaga izsiz ketishi hech gap emas. Bu Tengiz deganlari ham kerilib yurgani bilan zoʻrrogʻiga duch kelsa, iniga kirib ketishi aniq. Tengizning gapiga ishonganining sababi esa, undan boʻlak hech kim dalda bermadi. Va’da yolgʻon boʻlgan taqdirda ham harholda dalda edi. «Oʻgʻrilan bir soʻzli», deb eshitgan. Uning umidi shundan edi.

Bahor yomgʻiri ezib yogʻayotgan kunlarning birida Tursunali Tengizga duch kelib:
— Topdilaringmi, aldamabmanmi? — deb soʻradi. Bu bilan «Va’dangni qachon bajarasan?» demoqchi edi. Tengiz uning maqsadini anglab, yuziga yengil shapati urib qoʻydi:
— Shoshilma, har ishning vaqti-soati bor.
— Topdinglarmi oʻzi? — dedi Tursunali, Tengizning javobidan qoniqmay.
— Shoshilma, deyapman-ku. Choʻmichga aytgan joyingga borishibdi. U yerda chindan ham yoʻq ekan.
— Bolalarimga tegishmabdimi?
— Ha, ana, aqling joyida ekan-ku! Bolalaringni endi esladingmi? Choʻmichga yolgʻonni aytayotganingda oʻylamovmiding? Borishsa, topisholmasa, bolalarimni qiynashsa... Xotiningni, qizlarningni zoʻrlashlari ham mumkin edi, a? Sen bizdan qarzdorsan. Biznikilar boʻlishmaganda qizlaring juvon holida erga tegardi. Nomussizlik sizlarda ham azob, a? Men oilangni himoya qilaman, deb va’da berganmanmi, demak shunday boʻladi! — Tengiz shunday deb uning yuziga yana yengil shapati urdi-da, yoʻlida davom etdi.

Tengizning «nomussizlik — sizlarda azob, a?» deb qoʻyishi Tursunalini tashvishga soldi. «Xotiningni, qizlaringni zoʻrlashlari mumkin edi», degani esa badanini muzlatib yubordi. Shu paytgacha «norasida qizlarimni birov zoʻrlashi mumkin», degan gap xayoliga kelmagan edi. Tengizning gapidan soʻng esa, shu dahshat sodir boʻlgandek, bir necha kungacha ezilib yurdi. Davroni kelgan paytlarda, ayshini surgan kezlarida «shular ham birovning qizi-ku?» deb oʻylamagan edi. Hatto Nafisaning nomusiga ega chiqqanida ham «buning taqdiri nima boʻladi?» deb fikr qilmagan edi. Alhol, Tengizning gaplaridan keyin ham bularni oʻylamadi. U faqat oʻz qizlarining taqdiridan tashvishda edi.

Tengiz uning yuziga yengil shapati urib, oʻzini xotirjam koʻrsatgani bilan tashvishi oʻziga yetarli edi. U kim bilan oʻynashayotganini bilardi. Agar bir it qoqsuyakning hidini olib, yaqinlashsa-yu, bu suyakni birov bosib, olsa, naq ilikdan tishlashi tayin. Gobelyan esa it emas, hid olgani ham qoqsuyak emas. U itga oʻxshab ilikdan ham olmaydi, naq boʻgʻizga yopishadi. Lekin uning navbatdagi odami qachon paydo boʻladi, qachon va qanaqasiga tashlanadi — ana bu muammo edi. Yana bir muammo — bu safar kimni yuboradi? Tursunalining yolgʻon ma’lumoti bilan Murikning oʻlimi orasida bogʻliqlik borligiga ularning aqllari yetadi.

Tengiz shu savollarga javob izlaydi. Uning lagerdagi sheriklari esa betoqat boʻlishadi. Tursunali besabrlik bilan soʻragan kunning ertasiga «Politbyuro» yigʻilishida Koshak xazina nima boʻlganini soʻradi.
— Hozircha xazina yoʻq ekan, deb turaveraylik, — dedi Tengiz.

Bu gapni eshitib, Qoʻtos unga ajablanib qaradi. Koshak esa, joyida bir qimirlab olib:
— Yolgʻon gapirma, knyaz, — dedi. — Sen bu xabarni teletaypga qoʻymagansan.
— Toʻgʻri, qoʻymaganman, — dedi Tengiz xotirjam.— Aqling boʻlsa, oʻylab koʻr-chi? Bu xabarni teletaypga qoʻyish mumkinmi? Undan koʻra Moskva radiosiga chiqib jar sola qolmaysanmi?
— Teletaypga qoʻymagan boʻlsang, kim orqali chiqarding xabarni?
— Hech kim orqali chiqarmadim. Chiqarmayman ham.
— Knyaz, gapni burmay, toʻgʻri tushuntir. Bizga yolgʻon gapirma, — dedi Qoʻtos norozi ohangda. — Bilasan, menga boylikning keragi yoʻq. Oʻrtaga oʻgʻrilik nomusi tikilgan.
— Men nomusini sotadigan odamga oʻxshayapmanmi?— dedi Tengiz ovozini bir parda baland koʻtarib. — Koshak, sen ham shunday oʻydamisan?
— Senga birov bunaqa degani yoʻq. Shunaqa oʻylasam Murikning yonida yotgan boʻlarding. Sen «xazina yoʻq», deyapsan. Biz «yolgʻon gapirma», deyapmiz.
— Yolgʻon gapirmadim. «Xazina yoʻq», ham demadim. «Xazina yoʻq ekan, deb turaveraylik», dedim. Nima, ruschaga tushunmay qoldilaringmi? Ozgina payt poylashimiz kerak. Choʻmichni yuborganlarni ahmaq deb oʻylamalaring. Tuzoqlarini tayyorlab turishibdi ular. Koshakka oʻxshagan bir ahmaq xabar chiqarar, yana bir ahmaq xazinani olgani kelar, deb poylashmaydimi? Mayli, ular bizni ahmaq deb kutishaverishsin. Kuta-kuta charchashadi. Shunda biz ishni boshlaymiz. Shunda ham lager teletaypidan chiqarmaymiz xabarni.
— Nima qilmoqchisan, ayt, — dedi Qoʻtos.
— Hozir boshqa odam yuborishsa-chi? Bu laqmani boshqa lagerga joʻnatishsa-chi? — dedi Qoʻtos.
— Ha, shunaqa boʻlishi aniq, — dedi Koshak. — Vaqt borida uni ham gum qilish kerak. Agar birov hiqildogʻidan olsa, gullab qoʻyadi.
— Oʻldirishga shoshilma. Boylik topishni bilgan odam sen bilan menga oʻxshagan yuzta odamni laqillata olmaydimi? Choʻmichni aldadi. Balki bizni ham aldagandir? Boyligi boshqa yerdadir? Bugun oʻldirsang, ertaga attang, deb yurasan.
— Knyaz, hamma gaplaring toʻgʻri. Lekin chaynayotgan luqmangni oldirib qoʻyma, — dedi Qoʻtos ma’nodor ohangda.

Tengiz unga norozi qiyofada bir qarab qoʻydi. «Politbyuro» ahli undan uzil-kesil qaror kutayotgan edi. U biroz oʻylangan boʻldi-da, oʻrnidan turib, ahdini ma’lum qildi:
— Ovqatni qanday chaynab, qanday yutishni oʻzimga qoʻyib beringlar. Hali hech bir kavkazlik ogʻzidagi luqmasini birovga oldirib qoʻymagan. Dunyo turgunicha shunday boʻlib qoladi!

«Politbyuro» berkitilgan boylik va boylik egasining taqdirini hal qilayotganida Nuriddin bilan Tursunali oʻzaro munosabatlarini oydinlashtirayotgan edilar. Aniqrogʻi, Nuriddin oydinlashtirayotgan edi. Bu ovloqda bir-birlarini koʻrganlarida hali notanish boʻlsalar ham suyunib ketishgan edi. Harholda begonalar orasida hamyurtlarning bir-birlariga dalda boʻlishi yaxshi-da. Kunlar, haftalar oʻtgani sayin fe’li, tabiati, dunyoqarashi turlicha boʻlgan bu ikki mahbusning dastlabki suyunchlari soʻna bordi. Ayniqsa, Nuriddinda bu odamdan uzoqlashish istagi tugʻildi. Tursunalining ham bu magʻrur yigitga da’vosi koʻpayib borayotgan boʻlsa-da, lozim paytda himoya qila olishi mumkinligi sababli undan nari ketishni xohlamadi. U «Oʻzbekning kichigi boʻlgunicha kuchugi boʻlgin», degan maqolni bu yerda ham amal qilishini istar edi. U avvaliga Nuriddinni «tugʻishgandan a’loroq ukamsan», deb izzat qilib yurdi. Keyinroq «aka»lik martabasi kamlik qilib, «xojalik»ni da’vo qila boshladi. U hordiq chiqarish paytlarida oʻzining mavqei, shon-shuhrati haqida, shu shuhrati oqibatida koʻp dushman orttirgani va tuhmat bilan bu baloga uchragani toʻgʻrisida gapirardi. Shaharda hali ham baland martabali akaxonlari, ogʻaynilari borligi, Nuriddin ozodlikka chiqqach quchoq ochib kutib olajaklarini tez-tez pisanda qilardi. Bora-bora bu gaplar Nuriddinning me’dasiga tegdi. Pisanda soyasida «Sen menga hozir sidqidildan xizmat qilaver, ozodlikka chiqqaningdan keyin mening valine’matlarim seni panohlariga olishadi», degan ma’no yashiringanini ham fahm etdi. Shu bois Tursunalining hasrat daftari ochilishi bilan bir narsani bahona qilib, turib ketadigan boʻldi. Tursunali buni sezdi-yu, «bilagida kuch bor-u, boshida aqli yoʻq bu bolaning», degan hukmga keldi. Dorulomon kunlari boʻlganda-ku, bu «boshida aqli yoʻq bola»ni sariq chaqaga ham olmas edi-ya! Bu ovloqda suyanadigan boshqa odami boʻlmagani uchun chidadi. Hatto bir kuni Nuriddin «Aka, yukni hadeb menga yuklayvermang, aravangizni oʻzingiz ham torting-da, judayla oʻligingizni tashlab oldingiz», deb qoʻrslik qilganida ham tishini tishiga qoʻydi. Bunga oʻxshagan «manqa yigitlar» ilgari ostonasida sargʻayib oʻtirishardi. Bu esa...

«Politbyuro» ish boshlaganida qamoq lagerining tobelari kechqurungi ovqat bilan qorinlarini aldab, yotar joylarga tarqalayotgan edilar. «Qorinlarini aldab», deyilishining boisi — oshxonada alyumin kosalarga suzib beriluvchi suyuqlikning nomigina «ovqat» edi. Tursunaliga oʻxshab umri maishatda oʻtganlarning oshqozonlari bunday aldovga chiday olmasdan qiynalardi. Xullas, navbatdagi aldovdan soʻng nazoratchi mayor dam olish umidida chiqib ketayotgan Tursunali bilan Nuriddinni toʻxtatib, «idish-tovoq yuvishga oʻtlaring», deb buyurdi. Agar «nima uchun biz yuvishimiz kerak?» deb e’tiroz bildirilguday boʻlsa, bu kamlik qilib, tuni bilan ishlab chiqishlari mumkinligini bilganlari uchun, mulla mingan eshak holida buyurilgan ishni bajarishga kirishdilar. Nuriddin uchun bunday yumushning ogʻirligi ham, malolligi ham yoʻq, u bundan battar yumushlarni bajaraverib oʻrganib ketgan. Tursunali uchun esa mazkur holat xorlikning bir koʻrinishi edi. Shu sababli nazoratchi sal nari ketishi bilan diydiyosini boshladi:
— Bu dunyoda adolat deganning oʻzi yoʻq, — dedi u mingʻirlab. — Kun boʻyi ishlab berganim kammi bunga? Shunaqa paytda Xudodan ham xafa boʻlib ketaman. Men xalqning noni butun boʻlsin, deb tunu kun tinim bilmas edim. Terim paytida haftalab uyga kelolmas edim...

Tursunali shu tarzda yana eski ashulasini boshladi. Nuriddin uning gaplarini eshitmaslik uchun kosalarni atayin bir-biriga urishtirib, shovqin chiqarib yuvardi. Tursunali esa buning fahmiga yetmay bitta kosani koʻtarib olganicha likopcha ushlab, katta ashulani olayotgan hofiz kabi turib, minQirlashini davom ettirdi. Me’daga teguvchi bu «katta ashula» oxiri Nuriddinning sabr kosasini toshirdi:
— Juda-a, ez-zib yubordingiz-da, aka! — dedi u zarda bilan. — Nuqul adolat deysiz, nuqul halollik deysiz, birovlardan talab qilasiz. Oʻzingizda bormikin shu adolat, shu halollik?

Nuriddin shu gapi bilan Tursunalining betiga shapaloq tortganday boʻldi.
— Vey, uka, vey, Nuriddin, sizdan eshityapmanmi shu gaplarni, a? Biz kimmiz axir, adolatsizlik qurbonlari emasmizmi?
— Meni oʻzingizga tenglashtirmang. Sizning yoʻrigʻingiz boshqa. Adolat bilan halollikni hamma gapirganida ham siz gapirmang.
— Vey, uka, siz bu gaplarni bir gapirdingiz, ikkinchi aytmang. Men siz oʻylagan nopoklardan emasman. Hammani bir xil qarichda oʻlchamang. Men halol yashab kelgan odamman.

Nuriddin bu gapdan iljaydi. Bu iljayish zamirida zahar borligini payqagan Tursunali tutaqdi:
— Kulmang. Men sizdaqalarning qanchasini... — Tursunali «oʻynatganman» demoqchi boʻldi-yu, mavridi emasligini bilib, gap maromini burdi: — Sizdaqalarning qanchasiga yordam berganman, oʻqitganman, hunar oʻrgatganman.
— Aka, — dedi Nuriddin qoʻlini kir sochiqqa artib, — bu gaplarni boshqaga aytsangiz ham menga aytib, ovora boʻlmang. Men qishloqda oʻsgan bolaman. Sizga oʻxshagan «direktor buva», «rais buva»larning qiliqlarini juda yaxshi bilaman. Siz butun dunyoni aylanib bittagina halol raismi yo direktornimi topib, menga roʻpara qiling, agar u chindan halol boʻlsa, men kallamni shart uzib, qoʻlingizga tutqazayin.

«Kallangni pishirib ye», dedi oʻzicha Tursunali. Bahs oʻzining foydasiga hal boʻlmasligini anglab, unga javob bermay, qoʻlidagi kosani yuvmoqqa kirishdi. Shu onning oʻzida hisob-kitobni roslab olmoq ahdidagi Nuriddin esa, «hujum»ni davom ettirdi:
— Halollik deysiz. Qaysi rais, qaysi direktor amalga bepul oʻtiradi? Siz sarf-xarajat qilmaganmisiz? Keyin raykomlaru obkomlarning tomogʻini moylab turmaganmisiz? Qaerdan olardingiz? Halol odam topa oladimi shuncha pulni? «Terim paytida haftalab uyga bormas edim», deysiz. Toʻgʻri, bormas edinglar. Sizlarning shtablaringiz boʻlardi, a? Tunlari paxta punktlarida qiladigan ishlaringni qilib olardilaring. Men ketmonchining oʻgʻliman. Esimni taniganimdan beri qoʻlimda ketmon. Lekin birimiz ikki boʻlmagan sira. Plan yuz ellikdan pastga tushmagan, ammo choʻntak pul koʻrmagan. Siz aytgan adolat shumi? Halollik shumi? Bu yerdagi oʻgʻrilar nima uchun sizga yopishib qolishdi? Tuhmatga uchragan odamga ular tegishmaydi. Qaytaga himoya qilishadi. «Halol»dan topganingiz koʻpdirki, tinch qoʻyishmayapti. Oʻgʻrini qaroqchi ursa shunaqa boʻladi.
— Vey bola, sen haddingni bil! Oʻgʻrilaringga qoʻshib iningga kirgʻizvormayin tagʻin! — Tursunali shunday deb kosani otdi. Nuriddin kosani kafti bilan bir urib, nariga uchirib yubordi.
— Ana, haqiqat istaysiz-u, haq gapga chiday olmaysiz.
— Shunaqami? Men haromxoʻrmanmi? Oʻgʻrimanmi? Sen oʻzing-chi? Kimligingni bilmaymanmi?
— Kimligimni yashirmayman, qilgan ishlarim uchun uyalmayman. Men bir ablahni oʻldirdim. Bu yerda yana bittasini oʻldirdim. Ular tirilib qaytib roʻpara boʻlishsa, baribir yana oʻldirardim. Bu yoʻldan qaytmayman. Bilib qoʻying: men siz kabi odamlardan nafratlanaman. Sizga oʻxshaganlardan bu yerdagi oʻgʻrilar ming marta yaxshiroq. Ular oʻgʻirlaydilar, talaydilar, kerak boʻlsa oʻldiradilar. Lekin sizlarga oʻxshab «Pokman!» deb miyani achitmaydilar. Oʻgʻriliklarini tan oladilar. Oʻgʻri ekanliklari bilan faxrlanadilar. Siz-chi? Hamma yogʻingiz shaltoq boʻlib yotibdi-ku, yana poklikdan, adolatdan gapirib, boshni qotirasiz. Agar ochiqlikda duch kelib shu afsonalaringizni aytsangiz, betingizga tupurvorardim, aka. Bu yerda noilojlikdan salom-alik qilyapman. Atrofdagilar ikki oʻzbek bir-biri bilan chiqishmas ekan, deyishlaridan hijolatdaman. Bu yerda yana bir kun birga boʻlamizmi yo bir yilmi, mayli, aka-ukadek yuraveraylik. Faqat mening oldimda oʻzingizni pok koʻrsatishga tirishib jigʻimga tegmang, aka. Men toʻgʻri oʻsgan bolaman. Tilim zahar boʻlsa ham toʻgʻrisini aytib qoʻya qolaman. Endi kosalarni men yuvay, siz toza suvda chaya turing. Ishlamayotganingizni koʻrsa baloga qolasiz.

Nuriddin shunday deb yana ishga kirishdi. Tursunali uni gʻajib tashlagisi keldi-yu, noilojlikdan mushtumini qattiq qisishdan oʻzga chora topmadi. Tengizning gaplaridan soʻng Tursunali uchun qizlarining tashvishi yetarli edi. Begona bir yigitning tilidan oʻzi haqidagi haqiqatni eshitish ogʻir boʻldi. Oʻsha tun bir chimdimgina uyqusida Nuriddin bilan olishib chiqdi. Keyingi toʻrt-besh tun ham shunday kechdi. Bir haftadan soʻng «sovub» bu taqdiriga ham tan berdi.

Dushman

Samandar hushiga kelib, qaerda yotganini anglay olmadi. Uyiga kirgani... Nafisa... Begona erkak... bular nima, tushmi edi? Soʻng Moskvaga kelgani, Kremldagi suhbat... Mehmonxona... Kimdir keldi, nimadir dedi. Kim edi? Nima dedi? Keyin-chi?

Xonadagi anjomlarga qarab, shifoxonada yotganini angladi. Shifoxonaning yoqimsiz hidi koʻnglini aynitib, oʻqchiy boshladi. Oʻqchuq ovozini eshitgan hamshira shoshilib kirib, unga idish tutdi. Soʻng vrach paydo boʻldi. Tomirini ushlab, mijjalarini qayirib koʻrgach, hamshiraga qisqa, ammo buyruq ohangida koʻrsatmalar berdi. Shundan soʻng Samandar undan «qaerdaman?» deb soʻrab, harbiylarning markaziy shifoxonasida ekanini bildi. «Soppa-sogʻ edim-ku, bu yerga qanday kelib qoldim?» deb oʻylab, ajablandi. Savoliga javob topa olmay vrachdan «nega bu yerdaman?» deb soʻradi. Vrach unga qarab, bosh chayqadi-da: «Bekordan bekorga oʻlib ketmasligingiz uchun shu yerdasiz», dedi. «Oʻlib ketmaslik uchun? — yanada taajjublandi Samandar. — Nega oʻlishim kerak?» Bu savoliga oʻzi ham javob topa olmay yana vrachdan soʻradi. Vrach yana bosh chayqadi: «Ba’zan shunaqa boʻlib turadi,— dedi u. — Odam oʻzi bilmagan holda oʻlim jari yoqasiga borib qolishi mumkin. Siz qariyb jarga qulagan edingiz. Tortib oldik» «Tortib oldik?.. Nega qulayman? Nega tortib oladi?..» Javobsiz savollar koʻp edi. Biroq vrach u bilan hamsuhbat boʻlishni istamay, tashqariga chiqdi. Uning topshirigʻi bilan chiqqan hamshira yana uch hamkasbi bilan kirib keldi-yu, Samandar uchun azobli daqiqalar boshlandi. «Agar jardan tortib olishi shunaqa azob boʻlsa, oʻlib ketaverganim ming marta yaxshi edi», deb oʻyladi. Uning ichaklarini yuvaverib holdan toydirib yuborishdi. Bu jarayon yana ikki kun davom etib, surobi toʻgʻri boʻlib qoldi. Uchinchi kuni Bazarov yoʻqlab keldi.
— Ha, Gorinich, ahvol qalay? — dedi u. Keyin Samandarning kirtaygan koʻzlariga qarab kuldi: — Boʻladiganing boʻlib qolibdi-ku? Eplolmasang nima qilarding ichib? Kelib-kelib Medvedevga hamshisha boʻlasanmi? Sen «Volga» daryosini simirib tashlagan zmey Gorinichni eshitganmisan? Medvedev aroqni xuddi oʻsha daryoday simirib toʻymaydigan Gorinichlardan.
— Medvedev? Kim u? — dedi Samandar uning gaplarini tushunmay.
— Hali kim bilan ichganingni bilmaysanmi? General Medvedevni eshitmaganmisan? Qiziq, u ham seni eslay olmadi. Lekin aytib qoʻyay: agar u bilan teppa-teng ichgan boʻlsang — yomon emassan. Seni qahramonlikka tavsiya etish mumkin. Yana u bilan ichishsang ehtiyotroq boʻlgin, yana qahramonlikni oʻlganingdan soʻng olib yurmagin. — Bazarovning keyingi gapi piching aralash hazil ohangida aytilgani bilan, zamirida ozgina poʻpisa ham mavjud edi. — Xoʻp, boʻlar ish boʻlibdi. Qalaysan endi? Turib, yura olasanmi?
— Siz meni oʻlimtik odamga chiqarib qoʻydingizmi? — dedi Samandar norozi ohangda. — Hech qaerimda ogʻriq yoʻq, shikoyatim ham yoʻq, nimaga yotibman bu yerda oʻzi?
— Ichingni tozalashibdi, endi qoningni ham tozalashlari kerak ekan. Yana uch-toʻrt kun yotadiganga oʻxshaysan.
— Ishlarimiz nima boʻldi?
— Ishlarimizmi? — Bazarov mugʻambirona jilmaydi. — Ha, durust, esing joyida ekan, ishlarimizni unutmabsan. Ishlarimiz — besh, ogʻayni, bundan battar boʻlishi mumkin emas. Sen adashmagan ekansan. Oʻsha yerda chindan ham yadro sinovi oʻtkazilgan. Hozir hukumatning rasmiy bayonoti tayyorlandi. Bugun-erta e’lon qilinishi kerak. Shtatlarning popugi sal pasayadigan boʻldi. Indalmasa da’volari osmon baravar edi. Shunaqa, oshna, sen yengding. Baygildin senga alohida salom aytdi. Moslamani kuchaytirish haqidagi taklifing ham oʻtadigan oʻxshab turibdi.
— Hindqushga oʻrnatish-chi?
— Bu taklif oʻtmasa kerak. Afgʻonistondan askarlar olib chiqib ketilsa-yu, Hindiqushga harbiy kuzatuv markazi qurilsa, aqlsizlikning oʻzi-ku, bu? Kremlni ishontirdik shekilli.
— Viktor Bazarovich, men oʻn-oʻn besh kun Moskvada qolishim mumkinmi?
— Nima qilmoqchisan?
— Doktorlik dissertatsiyamga javob boʻlmayapti. Bir shugʻullanib koʻrsammikin, devdim. — Samandar shunday deb nigohini olib qochdi. Tabiatan yolgʻondan hazar qiluvchi bu odam ayni choqda asl maqsadini — uydagi fojiadan sal yiroqroqda yurish istagi borligini yashirmoqchi edi.
— Be, boshingni qotirmasangchi! — dedi Bazarov qoʻl siltab, — Senga shu diplom zarurmi hozir. Sen yuzta fan doktorining ishini bir oʻzing qilib oʻtiribsan. Shuning oʻzi yetarli emasmi?
— Harholda...
— Ha, kerak, diplom ham kerak. Lekin sen shoshilmay tur. Men bu ishlarning hammasidan xabardorman. Sening bu ishlaring bilan ba’zilar qiziqib turibdi. Shuning uchun ham himoyang masalasi noaniq muddatga surilgan. Shuning uchun hozircha uyingga qaytaver. Ha, aytmoqchi oila a’zolaring tinchmi?

Samandar bu savolni eshitib yengil titradi-yu, yana koʻzlarini olib qochdi. «Nega soʻrayapti? Xabar topganmi?», deb oʻylab dovdiradi.
— Sen bu yerga kelishingda uyingga kirmaganmiding? — deb soʻradi Bazarov unga sinovchan tikilib.
— Yoʻq, yoʻq, — dedi Samandar, — toʻgʻri kelaverganman.
— Yaxshi. Bizga xabar berishdi: xotining kasal emish. Bolalaring bormidi?
— Yoʻq...
— Yaxshi...

«Yaxshi? Nimasi yaxshi? Nega surishtiryapti? Xabar berishgan... Xabar berishgan...»

Samandarning ruhida sarosima boshlanganini Bazarov sezdi. U hali fojiadan bexabar edi. Bilgani: Samandarning xotini oʻldirilgan. Bazarov unga achinib, koʻnglini koʻtaruvchi gap izladi. Tabiatan qoʻpol muomalali boʻlgan generaldan qalbni yumshata oluvchi, taskin bera oluvchi gapning chiqishi mushkul edi.
— Menga qara, u yerda dushmanlaring borligini bilasanmi? — dedi u xuddi tomdan tarasha tushganday tarzda.

«Dushman? Qanaqa dushman?» Ruh poʻrtanasidagi sarsari Samandarga bu savol gʻalat tuyulib, Bazarovga savol nazari bilan qaradi.
— Nima, dushmanlaring yoʻqmi? — dedi Bazarov.
— Qanaqa dushman? Men birovga yomonlik qilmaganman?
— Dushman orttirish uchun birovga yomonlik qilish shart emas. Aqlli boʻlsang kifoya, daraxtning tagidan oʻtsang ham tepangdan dushman yogʻiladi. Agar bilsang, aql ham bir balo, boshqalarda kuchli rashk uygʻotadi. Rashk esa tuppa-tuzuk doʻst odamni dushmanga aylantiradi. Men sinaganman: senlarda shunaqa kasallik kuchli. Bizlarda ham bor-u, ammo unchalik emas. Senlar bir odamning orqasidan qora chaplab yozishni yaxshi koʻrasanlar.

«Bu kasal millat tanlamaydi, hammada bor», — deb oʻyladi Samandar. U hozir bu mavzuda bahslashishni istamas edi. Shu sababli fikrini ochiq bayon qilib, hamsuhbatiga e’tiroz bildirmadi. «Gapini kalta qilib chiqib keta qolsa edi», deb umid qildi. Bazarov esa bu sukutni fikrining tasdigʻi sifatida qabul qilib, xotirjam tarzda gapini davom ettirdi:
— Bilaman, sen «boshqalar ham xuddi shunday», deyishing mumkin. Lekin yanglishasan. Masalan, gruzinlar, armanilar, latishlar bunday qilishmaydi. Kotrikadzeni bilasan, a? Oʻzi yomon olim emas. Lekin, toʻgʻrisini aytsam, ishi Davlat mukofotiga arzimaydi. Nomzodi quyiladigan boʻlganda men shaxsan qarshi boʻlganman. Lekin Gruziya tomondan shunday himoya dovuli yopirildi-ki, oxiri oldi oʻsha mukofotni. Bultur seni mukofotga oʻzimiz tavsiya etdik. Oʻzbekistondan shunday qarshilik dovuli yopirildiki, oxiri ololmading. Hatto Vasiliy Ignatevich ham ajablanib, hech nima qilolmay qoldi. Yana mukofotga nomzoding qoʻyilganini tor doiragina bilardi. «Ochilov — Davlat mukofotiga nomzod», deb matbuotda e’lon qilinsa, bilmadim, nima boʻlardi? Nega shunaqasanlar, a? — dedi Bazarov norozi ohangda bosh chayqab.
— Bilmayman, — dedi Samandar gʻudranib. Hozir uni mukofot ham, dushmanlari ham qiziqtirmas edi. Gapning bu tarzda kalta qilinganini Bazarov yana bosh-qacha tushundi:
— Sen bilmasang men bilamanmi? Men tushunmayman, Ochilov, bitta xotinni qoʻyib, ikkinchisini olishning ilmiy ishga nima dahli bor? Seni «qoloq feodal» deb yozishdi. Shaxsan menga kashfiyot muhim, ilm muhim. Kashfiyotni feodal qiladimi, burjua qiladimi — farqi yoʻq. Dushmanlaring uchun esa bu muhim, juda muhim. Senlarda bosh konstruktorning ikkinchi xotinni olishga sira haqqi yoʻq. Esingdami, Sharifxoʻjaev deganning dissertatsiyasi uchun kuyib yurgan eding. «Doʻstim», deb menga tanishtirganding. Seni hurmatingni qilib, unga yordam beruvdim. Esing-da, a?
— Esimda.
— Xoʻp, bilib qoʻy endi: oʻsha «doʻsting» ham yozgan edi. «Bu kashfiyot faqat Ochilovniki emas», deb yozibdi. Menga emas, toʻgʻri SKga yozgan. Nima men ahmoqmanmi yoki Baygildin ahmoqmi? Kashfiyotda ilmiy guruhning xizmati borligini bilmaymizmi? Lekin boshsiz tana nima qila olishi mumkin? Oʻsha Sharifxoʻjaeving bu tanada kim? Bir barmoqmi? Yoki bir tukmi? Dushmanim yoʻq, deysan-a! Menga qara, balki Moskvaga butunlay koʻchib kela qolarsan, a?
— Moskvaga? Nima qilaman bu yerda?
— Nima qilarding? Ishlaysan. Sharoit yaratib beraman. Ochigʻini aytsam, Baygildin bilan shu maslahatni pishirdim. Oʻylab koʻr.
— Bu yerda aqllilik balosi yoʻqmi?
— Bor, toʻgʻri, ammo senlardagi darajada emas.
— Bu yerga kelsam, u yerdagi ilmiy guruh tarqatiladimi?
— Shubhasiz. Ammo yaxshi odamlaringni olib kelishing mumkin.
— Yoʻq, u yerda hozir kuchli ilmiy guruh toʻplangan. Bitta-ikkita ahmoqni deb tarqatib yubora olmayman.
— Ahmoqlik qilyapsan, bilib qoʻy. Sen bu yerda eng kuchli guruhni tashkil etishing mumkin. Istagan odamingni, istagan respublikadan chaqirtiramiz. Moskva markazidan joy bersak, har qanday olim ham uchib keladi. Yoʻq, deyishga shoshilma.
— Xoʻp, — dedi Samandar suhbatga yakun yasash uchun. Bazarov esa buni rizolik alomati deb tushunib, yelkasiga urib qoʻydi:
— Mana bu boshqa masala. Sen uyingga borib kelaver. Qolgan ishlarni menga qoʻyib ber.

Bazarov shu gaplarni aytgach, xotirjam ravishda oʻrnidan turib xayrlashdi. U ketgach, Samandar oʻzini tamoman yoʻqotdi: xotini kasal... dushmanlari bor... Moskvaga koʻchib kelish... Generalning gaplari chiroqqa urilgan parvonalar kabi xayollarini toʻzitib yubordi. «Nima qilardim uyga kirib, toʻgʻri kelaversam boʻlmasmidi?» deb oʻzini oʻzi koyidi. Uydagi manzara koʻz oldida gavdalanib, haykal kabi qotdi. Kirib kelgan hamshiraga ham ruhsiz tarzda qarab qoʻydi. Bilak tomiriga sanchilgan ignaga ham parvo qilmadi. Oʻylay-oʻylay «general balki toʻgʻri aytayotgandir, Moskvaga koʻchib kelganim ma’quldir», degan fikrda toʻxtaldi. Bu fikr bora-bora qarorga aylandi. «Oila, bola-chaqa menga nasib etmagan ekan, Xudo menga faqat ilm bergan ekan, oilam boʻlmaganidan keyin shu yerda qolaverganim ma’qul...» Yana ikki kun shu qaror atrofida taraddudlanib, uchinchi kuni Bazarovga telefon qildi-da, ahdini bildirdi. Bu orada muolaja yakun topib, uni harbiy aerodromga kuzatib qoʻydilar.

Aniq bir qaror bilan qaytayotgan Samandar Omonulloning intiq kutayotganidan bexabar edi.

Nomus

Omonullo shaharga qaytmay, avtobusga oʻtirib Toshboltaning qishlogʻiga yoʻl oldi. Adolatning «xotinini urib oʻldirgan», degan gapi unga yana bir muammo eshigini ochib bergan edi. Depara markaziga, soʻng ichki ishlar vakili hamrohligida qishloqqa borgunicha qosh qoraydi. Nafisaning fojiali oʻlimi haqidagi mish-mishlar bilan yashayotgan qishloq militsiya xodimlarining surishtirib kelishganidan oʻsha zahotiyoq xabar topdi. «Ikkita milisa surishtirib kelibdi», degan xabar qishloqning narigi boshiga yetguncha «ikki moshin toʻla milisa bosibdi», degan vahimaga aylanib, Yigitali yashaydigan koʻcha jonlanib qoldi. Hangoma-talablar hovliga kirishni istadilar-u, ammo darvoza ostonasida turgan yigitga yoʻliqib izlariga qaytdilar. Biroq bu xonadondan uzoqlashmadilar. Ularning nazarida hozir bu uyda «bir nima» sodir boʻlishi kerak edi. Ular ana shu «bir nima»dan quruq qolmaslik uchun ham shikordagi ovchi misol sergak turdilar. Bu qiliqlari uchun ularni ayblash nooʻrindir. Qishloqda har oydami, har yildami bir juvon oʻldirib ketilsa, surishtirib milisa kelib-ketib tursa, boshqa gap edi.

Odamlar «bir nima sodir boʻlishini» behuda kutdilar. Ichkarida hech qanaqa gʻalati voqea yuz bermadi. Balki Omonullo bilan Yigitalining oddiy savol-javoblari boʻlib oʻtdi. Omonullo gapni uzoqdan boshlamadi. Oʻzini qiziqtirayotgan muammolarni yecha olishga xizmat qiluvchi savoldan boshlab qoʻya qoldi:
— Jiyaningiz... Boltaeva bu yerga tez-tez kelib turarmidi?
— Yoʻq...— dedi Yigitali shop moʻylovini silab,— onam rahmatli hayotliklarida kelib-ketib turguvchi edi. Keyin oyogʻini torta qoldi. Erga tekkanidan ke-yin hecham kelmadi. Eri qoʻymadi shekilli-da.
— Erini taniysizmi, koʻrganmisiz?
— Yoʻq, koʻrmaganman. Toʻyidan bexabar qogʻonmiz. Toshbolta qishloqdan hech kimni aytmagan. Azaldan fe’li chatoqroq shu bolaning.
— Singlingizni... — Omonullo «urib oʻldirganmi?» deb soʻramoqchi boʻldi-yu, tilini ehtiyot qilib boshqacha tarzda soʻradi:—... biron kasal boʻlganmidi?
— Singlim kasalmasidi. Shu Toshbolta xunasa bir kuni deng, kelib uribdi-da. Men yoʻgʻakanman. Bor boʻgʻanimda oʻzining jigʻini ezibla qoʻyardim-a. Bu xunasa ichishni evlolmasidi. Ichdimi, tamom, ishkalning uyasini kavlardi-da. Qattiq urganidan singlim bechoraning ichagi uzilib ketibdi. Doʻxtir shunaqa degan.
— Qamalishining sababi boshqa-ku?
— Ha-da, biz da’vo qilmadik-da. Oʻshanda bir nima deb qoʻysak umri qamoqda chirirdi. Shu Nafisani debla uni ayadik. Aslida Toshbolta oʻshanda tuhmat bilan ketdi, Xudoning urgani shu, shuning oʻzi yetarli, dedik. Ayamasdan ottirvorsak boʻlarkan. Yoʻq boʻlib ketovursa Nafisaning boshiga bu balolar ham yogʻilmasidi.
— Nega?
— Nega boʻlardi? Oʻzim tarbiya qilardim. Shu qishloqlik quling oʻrgulsin yigitga erga berardim. Shaharga yubormasidim. E, endi gapirganning foydasi yoʻq, — Yigitali shunday deb qoʻl siltadi.
— Toshbolta akani tuhmat bilan ketgan dedingizmi?
— Ha-da, u traxtorini toʻgʻri yoʻldan haydab borgan. «Jiguli»dagi xunasaning oʻzi kelib unga urilgan. U ham mast boʻgʻon-da. Omma-lekigin uning puli bor edi. Ishni teskari qib yubordi, qiztaloq. Buni koʻrgan guvohlar bor edi-ku, omma-lekigin bir nima deyishga qoʻrqishdi. Menga aytishdi. Men nima, prokurormidimki, bir nima qila olsam. Peshonasida qamalish bor ekan, ketvordi. Yanayam oson qutuldi. Omma-lekigin orada qiziga javr boʻldi. Singlim ham ketdi, jiyanim ham ketdi, hech kim qolmadi... — Yigitali shunday deb uf tortdi-da, kaftiga bir chimdim nos toʻkib, soʻng tilining tagiga tashlab, bosh chayqab qoʻydi.
— Jiyaningizning... dushmanlari bormidi?
— Iya, gapingiz qiziq, xotin kishida ham dushman boʻlami?
— Boʻlmaydi, deb oʻylaysizmi?
— Boʻlar-ku, omma-lekigin oʻldirib ketadaQon dushmani boʻlmasov.
— Unda kim oʻldirishi mumkin?
— Shunisini bilmayman, uka, — Yigitali gʻoʻdiranib nosni tupurdi-da, moʻylovini silab qoʻydi. — Men bundaqa gaplarni biladagʻon prokuror emasman. Mening bilganim — kuni bitgan ekan, shunaqa oʻlim topibdi. Hammamiz birin-sirin oʻlib ketovramiz, dunyo esa orqamizda qolovradi.
— Jiyaningiz avvalgi sovxoz direktori bilan yaqin boʻlgan ekan, shuni siz bilarmidingiz?
— Kim aytdi? Toshboltanikiga boruvdingizmi? Ha... unda ashi shaytonning urgʻochisidan eshitgansiz. Bekorlarni aytibdi u shilta! Bizdi urugʻdan bunaqasi chiqmagan! — Yigitali shunday deb shart oʻrnidan turdi-da, xuddi toʻnning etagini qoqayotgandek soniga urib qoʻydi. Omonullo uning bu holatidan ajablanmadi. Jiyanining axloqi xususida bunday noxush gap eshitgan har qanday togʻaning gʻazablanishi tabiiy. Tagʻin ham Omonullo «yaqin boʻlgan ekan», deb pardalab aytdi, agar «oʻynashi ekan», degandami, bu chapanisifat odam qay holga tushardiykin? Yon-atrofdagilarga soʻz bermay yuruvchi erkak nomussizlik koʻlankasida qolguday boʻlsa chidashi nihoyatda qiyin. Jiyanining, hatto oʻz farzandining oʻlimiga chidar, «taqdir ekan», deb oʻzini yupatar, ammo nomussizlik tamgʻasini koʻtarishga har qanday baquvvat bel ham chidamas. Yigitali jiyanining qadam olishini bilmasdi emas, bilar edi. Ular yashayotgan sovxoz dunyoning narigi chekkasida boʻlsa ekanki, gap-soʻz yetib kelmasa. Unda birov aksirib yuborsa, yonidagi «sogʻ boʻling», deyishga ulgurmay aks-sadosi qishloqqa yetib keladi. Yigitali bir eshitganida indamadi — «gʻiybat gap», deb oʻzini tiydi, ikkinchisiga chidadi. Uchinchisida borib jiyaniga indamadi-ku, ammo Toshboltani yoqasidan oldi. Tuprogʻi koʻpchib yotgan koʻchada ogʻzi-burnini qora qonga belab urdi ham, yumalatib tepdi ham. Xumordan-ku chiqmadi-ya, lekin «endi tiyilar», deb umid qildi. Semirib ketgan qoʻchqorni homilador gumon qilib tugʻib berishini kutgan odam qanchalar laqma boʻlsa, Yigitali ham bu sohada nodon edi: shiraga oʻrgangan pashshani yaxshilik bilan qaytarish mumkinmasligini fahmlamasdi. Bora-bora gʻishtning qolipdan koʻchganini anglagach, jiyaniga «qishloqqa kamroq kel», deb qoʻydi. Nafisa buvisining janozasiga kelib, yettisi oʻtgunicha turmoqchi boʻlganida Yigitali xotinlarning visir-visirlaridan bezib, jiyaniga «Endi qizim, bu yerda turganing bilan buving tirilib qaytib kelmaydilar. Yaqinda er qilgan odamsan, uyingdan uzoqma. Endi qishloqqa kelib ovora ham boʻlovurma. Sogʻinganimda oʻzim borib xabar olaman», deb kuzatib qoʻydi. Shundan soʻng u jiyanini soQinmadi, jiyan ham «togʻam yoʻqlamayaptilar», deb xavotirlanmadi. Yigitali jiyanining yashash joyini ham bilmasdi, bilishga qiziqmadi ham. Nafisa bilan birga oʻsgan qizining bordi-keldi qilish haqidagi gapini ham shart boʻlib qoʻya qoldi. Otasining fe’lini bilgan qizi istagini bir aytdi-yu, boshqa tilga olmadi.

Omonulloning «avvalgi sovxoz direktori bilan yaqin boʻlgan ekan», degan savoli Yigitalining yarasini tirnab qoʻydi. U savoldan norozi boʻlib emas, ana shu tirnalgan yara azobiga chidolmaganidan oʻrnidan turib ketgan edi. Yigitali shu savol-javobdan soʻng tumtayib oldi. Buni sezgan Omonullo ezmalanib oʻtirmadi. Soatiga qaradi-da, kechki poezdga ulgurish maqsadida oʻrnidan turib, xayrlashdi.

Tongda poezddan tushib, yuvinib, kiyimlarini almashtirish niyatida uyiga bordi. Qaynonasi yuvib-dazmollagan koʻylaklarni javondagi ilgichlarga ilib, uyni yigʻishtirib, stol ustidagi kaftdek qogʻozga qisqagina maktub yozib qoldirgan ekan: «Fotimangiz telpon qilib, salom aytdi. Ishlari tezlashyaptiykan. Dadangiz ikki-uch kelib-ketibdilar. Xavotir olyaptilar». Keyingi soʻzlarni oʻqib, Omonullo jilmayib qoʻydi. Qaynona «dadangiz» deganda Omonulloning tutingan otasini nazarda tutgan, «xavotir olyaptilar», deb borib koʻrishga da’vat qilgan edi. Tutingan otasi ulardan toʻrt eshik narida turadi. Uni borib koʻradigan boʻlsa, qaynota-qaynonani yoʻqlashi ham tabiiy. Qaynonasi «biznikiga kirib oʻting», demay, chiroyli tarzda maqsadni bayon qilib ketgan edi. Ona mehriga zor oʻsgan Omonullo yumshoqkoʻngil, shirinmuomala qaynonasini kuyov emas, chin oʻgʻil muhabbati bilan izzat qilardi. Qaynonasi esa onalik mehrini bergan edi. Omonullo bilan Fotima orasida jiddiy toʻqnashuv boʻlmasa-da, ikir-chikir masalalarda ham doimiy ravishda kuyovining yonini olib, qiziga qarshi turardi. Shunaqa paytlarda Fotima «Oyi, men qizingizmanmi yo keliningizmanmi?» deb kulardi. Qaynotasining ezmaligi yoqmasligini hisobga olmaganda Omonullo uni ham yaxshi koʻrardi. Vaqti bemalol boʻlsa, gaplarini indamay eshitardi. Ba’zan oʻtirgan yerida mizgʻib ham olardi. Qaynotasining eng yaxshi odati — «men shuncha gapirdim-ku, hamsuhbatim indamadi-ya», yoki «gapimni yoqtirmay uxladi-ya», deb sira ranjimasdi. Omonullo salom berib «Qalay ada, yaxshi yuribsizmi?» deyishga ulgursa ulgurdi, ulgurmasa jim oʻtirishga hukm boʻlardi. Qaynotasi gapira-gapira xumordan chiqardi-yu, mehmon ketgach, xotinining dashnom oʻqlariga uchrab yana kamgap, «moʻ‘min»ga aylanardi. Fotima ba’zan gapga tushib ketsa Omonullo «Ha, ota qizi!» deb tegajoqlik qilib, uning jigʻiga tegishni yaxshi koʻrardi.

Omonullo bugun ishdan barvaqtroq chiqib, ularni yoʻqlashni koʻngliga tugib, choy qoʻyib ichdi-da, xizmatga yoʻl oldi. Yoʻl-yoʻlakay prokuraturaga kirib, Mels Xoʻjaevga uchradi. Safarga ketishdan avval koʻrishganida bu kibor yigit uni lol qoldirgan edi:
— Aka, siz haqingizda men koʻp yaxshi gaplarni eshitib, xursand boʻldim, — degandi. — Men bu sohada yangiman. Tajribam yoʻq, bilimim ham yetarli emas. Lekin shu ishni yoqtiraman. Oʻzim xohlab tanlaganman. Menga ish oʻrgating, iltimos, ish buyuravering.
— Ishni prokuratura buyuradi bizga, — degan edi Omonullo piching ohangida.
— Shunaqa demang-da. Odamlar «falonchining oʻgʻli» deb menga havas qilishadi. Aka, bilsangiz shu narsa meni koʻp qiynaydi, menga koʻp zarar beradi. Oʻqishda ham uchib yurib oʻqidim. Ba’zi domlalar koʻngil uchun ham soʻrab qoʻyishmasdi. Bu yerda ham qiynagilari kelmaydi. «Falonchining oʻgʻli» boʻlganim uchun men aybdor emasman-ku? Qachongacha uchib yuraman. Bir kunmas bir kun qoʻnganimda nima degan odam boʻlaman?

Omonullo taajjubini yashirmay unga tikilib qolgan, Mels Xoʻjaev ham «gapim — gap!» deganday tik qaragan edi.

Omonullo unga Samandar Ochilovga tegishli yangi fikrlarini aytib, ekspertiza xulosalarini bayon qildi. Mels Xoʻjaev harbiy prokuror orqali bitadigan navbatdagi ishlar bilan shugʻullanishga va’da bergan edi. Omonullo safar xulosalarini bayon qilgach, u «biz ham bekor oʻtirmadik, aka», degan ohangda hisobot bera boshladi:
— Shaxsan okrug harbiy prokurori bilan gaplashdim, — Mels Xoʻjaev bu gapni bolalarcha zavq, bolalarcha gʻurur bilan aytib, xuddi olqish kutganday Omonulloga qarab qoʻydi. «Chakki emassan», deb oʻyladi Omonullo, biroq, bu gapni tiliga koʻchirmadi. Mels Xoʻjaev yana shu zavq bilan gapini davom ettirdi: — Ochilovni kuzatib borgan polkovnik bilan suhbatlashganingizdan okrug harbiy prokurorining xabari bor ekan. U «shundan boshqa yordam berishga ojizmiz», deb aytdi. Ochilov harbiy sohaga oid ilmiy ish bilan shugʻullangani bilan oʻzi harbiy hisoblanmas ekan. Uning qaerdaligini surishtirishga yoki bizga tutib berishga ularning haqlari yoʻq ekan.

«Shunga aqling yetibdi, boqsa odam boʻlasan. Qani, davom etaver-chi», deb oʻyladi Omonullo. Uning jimgina tinglashi Mels Xoʻjaevda shubha uygʻotib, bir nafas tin oldi. «Biron nima dermikin», deb kutdi. Omonullodan sado chiqmagach, davom etdi:
— Mening amakim shunga yaqin boshqa idorada ishlaydilar. Amakim orqali Ochilovning Moskvada ekanini aniqladim. U hozir harbiy gospitalda ekan. Yaqin kunlarda qaytar ekan.

«Yaxshi, qaytaversin, kutib olamiz», deb oʻyladi Omonullo.
— Lekin biz uni kutib ololmaymiz, — dedi Mels Xoʻjaev, uning fikrini oʻqiganday, — Uni harbiylar samolyotida olib kelishadi. Samolyot harbiy aerodromga qoʻnadi.
— Biz uni oʻzining uyida kutamiz, — dedi Omonullo qat’iy ohangda.
— Men ham shunaqa deb oʻylovdim, — dedi Mels Xoʻjaev. — Agar xohlasangiz shaxsini aniqlashtirish uchun bir odam bilan uchrashtirishim mumkin.
— Kim bilan?
— Ochilov bilan birga ishlaydigan odam. U amakim bilan maxfiy hamkorlik qilar ekan. U bilan uchrashasiz-u, ammo oʻzining kimligini surishtirmaysiz.
— Oʻzingiz koʻrishmadingizmi?
— Toʻgʻrisini aytsam... koʻrdim. Amakim gaplashdilar, oʻzim indamadim. Uning qotillikdan xabari yoʻq ekan. Gaplariga qaraganda Ochilovni yoqtirmaydiganga oʻxshaydi. «Jamiyat uchun zararli shaxs» deb ochiq aytdi.
— Nimasi zararli ekan?
— Ikkita xotini bormish.
— Ikkita xotinli odam jamiyatga zarar keltira olmaydi, — dedi Omonullo kulimsirab.
— Nega? — deb ajablandi Mels Xoʻjaev bu gapning chinmi yo hazil ekanini farqlay olmay.
— Nega boʻlardi? — Omonullo «shuni ham bilmaysizmi?» deganday kuldi. — Bunaqa odam ikkita xotinni eplash bilan ovora boʻlib dunyoda sovet jamiyati borligini ham unutib yuboradi. Hayron boʻlmang, hazillashdim. Agar u odamingizning gapi rost boʻlsa, ikkita xotinli odam jamiyatga zarar keltirsa, uchtami toʻrtta xotin olganlar jamiyatga oʻt qoʻyar ekan-da. Siz toʻgʻri fahmlagansiz: ichi qora odamga oʻxshaydi. Yana nima deydi?
— Boshqalarning ilmiy ishlarini oʻzlashtirib olar ekan. Oʻzini Davlat mukofotiga qoʻyib, ololmabdi.
— Boʻldi, tushunarli. U bilan hozir gaplashmasak ham boʻladi. Zarurat boʻlsa, keyinroq uchrashamiz.
— Siz... Ochilovning birinchi xotini bilan koʻrishdingizmi?

Omonulloning shunday rejasi bor edi. Biroq, prokuratura xodimining jigʻiga tekkisi kelib atay:
— Shartmi? — deb soʻradi.

Mels Xoʻjaev Omonulloning quvlik qilayotganini sezib, yelka qisib qoʻydi-da, ranjigansimon tarzda dedi:
— Oʻzingiz bilasiz, men sizga buyura olmayman.

Omonullo «fikrlaringiz durust, men shunchaki hazillashdim», deb ovutmoqchi boʻldi-yu, «past-balandga koʻniksin», degan xayolda indamadi. Xayrlashish uchun qoʻl uzatganda Mels Xoʻjaev unga bir parcha qogʻoz uzatdi:
— Nima bu? — dedi Omonullo ajablanib.
— Ochilovning birinchi xotini shu manzilda tu-radi, — dedi Mels Xoʻjaev, bu safar kiborlarcha boqib. Omonullo uning qarashidagi «bunisiga nima deysiz?» degan ma’noni oʻqib, jilmaygancha javob qildi:
— Qoyilman, gap yoʻq!

Omonullo ishxonasiga kiraverishdagi navbatchi uychasi yonida turgan Adolatni koʻrib, ajablandi. Bu ayolning kelishiga amin ediku-ya, biroq bu qadar tez yoʻqlar deb kutmagandi. Adolat uni koʻrdi-yu, kuyoviga peshvoz chiqqan qaynonaday jilmayib qarshi oldi. U yaltiroq ipli sariq kuylak kiyib olgan, oyogʻida yoshlarga rasm boʻlgan poshnali qora tufli, qoshu koʻzlariga qalam tortgan, labiga och qizil boʻyoq surtib olgan edi. Qiligʻi oʻziga yarashmagan boʻlsa-da, harholda avvalgi koʻrinishiga qaraganda sal odambashararoq edi.
— Voy Xudoyimga shukr-ey, — dedi u salomlashgach, — kelmay qolarmikinsiz deb yuragim taka-puka edi-ya.
— Keling opa, tinchlikmi? Xoʻjayin tuzukmilar?
— Ha, yotibdi, gʻoʻldir-gʻoʻldir qilib. Nafisaning uyidagi mollarni olib kel, deb yubordilar.
— Ie, shunaqami, gapirayaptilarmi?
— Qayoqda? Til oʻsha-oʻsha — ketgan.
— Til ketgan boʻlsa qanaqasiga «mollarni olib kel», dedilar?
— Voy... — Adolat tilidan ilinganini bilib sal sarosimalandi-yu, lekin sir boy bermay, oʻzini qoʻlga oldi: — til oʻlgur boʻlmasa ham koʻzlari ochiq-ku? Imo-ishora bilan gapiryaptilar. Shuncha yil birga yashagandan keyin koʻzlariga qarab turib, nima demoqchi boʻlayotganlarini bilib olaman.
— Ovora boʻlib kelibsiz, opa, mol egasiga beriladi.
— Voy, shoshmang, nachalnik uka. Men sizga bir muhim gap aytaman.
— Xoʻp, ayting.
— Bu yerda idorangiz bormi? Koʻchada aytadigan gap emas.

Omonullo uni xonasiga boshlab kirdi. Adolat stulga oʻtirayotib tor xonaga bir razm soldi-da:
— Oʻldirgan odamni qidiryapsiz-a? — deb soʻradi.
— Qidiryapmiz, — dedi Omonullo.
— Hali topmadingiz-a?
— Zehningizga qoyilman: topmadim.

  

— Topa olasizmi?
— Bilmadim. Harholda burun boʻlsa, roʻmolcha topiladi, degan gap bor.
— Men sizga bir gapni aytsam, osongina topasiz.
— Shunaqami? Menga aytib oʻtirmay oʻzingiz topa qolmaysizmi?
— Oposi, siz menga bunaqa piching qilmang. Men sizga qishloqda tappi changallab yurgan savodsiz xotin emasman. Bilmasangiz bilib oling: ikki marta raysovetga deputat boʻlganman. Bir narsani bilmasam shundan shunga ahmoq boʻlib kelmasiydim. Yer yutkurning sirini men bilmay, yana kim bilsin?
— Yer yutkur... kim? Otasimi yo qizimi?
— Ikkoviyam bir goʻr.
— Qanaqa sir ekan, ayting-chi?
— Toʻxtang, oldin kelishib olaylik. Men sizga bilganlarimni aytaman. Siz esa menga mollarni olib ketishimga ruxsat berasiz.
— Aytadiganlaringiz shunchaki gʻiybat boʻlsa-chi?
— Voy savil, men gʻiybatchiga oʻxshaymanmi?
— Nafisa Boltaeva avvalgi direktor bilan don olishardi, devdingiz. Togʻasi «boʻlmagan gap», deb rad etdi.
— Togʻasimi? Anavi moʻylov jinnimi? U qayoqdan bilarkan? Jiyanini abort qildirgani kim olib borgan ekan, soʻramabsiz-da. Bir marta boʻlsa ham goʻrga edi. Uch marta olib borganman. Men gʻiybatchi boʻlsam Matlubadan soʻrang. Juvonmarg boʻlgurni koʻrdingizmi oʻzi?
— Sobiq direktorning xotinini aytyapsizmi? Borsam uyida yoʻq ekan, shaharda deyishdi.
— Voy savil qolsin, shaharda balo bor ekanmi? Uyidan atay chiqmagan. Oʻlguday qoʻrqadi.
— Nimadan qoʻrqadi?
— Eri qamalganidan beri rosa obiska1 qilishyapti. Anavinda ham kelib-ketishgan ekan.
— Qachon?
— Toʻxtang, avval kelishib olaylik, keyin soʻrang savolingizni.
— Boltaeva!
— Men Boltaeva emasman, Xudoga shukr, Nizombekovaman! U yergina yutkurning familiyasiga oʻtmaganman.
— Nizombekova, bu yer sizga bozor emas. Savdolashmang. Agar bilganingizni yashirsangiz yo chalgʻitmoqchi boʻlsangiz, qonun boʻyicha jazolanasiz.
— Voy oʻlayin, holvani hokim yeb, kaltakni yetim yeydimi endi? Birov kelib qizimni oʻldirib ketsin-da, siz oʻldirganni topmang-da, men jazo olayinmi? Oʻlmay oʻla qolsin, bu qiz oʻlgur, boshginamga bitgan balo boʻldi. U yoqda otasi yotibdi «ana oʻlaman, mana oʻlaman», deb. Bu yoqda bu kishim oʻtiribdilar «aytmasangiz qamayman», deb. Hoy, menga qarang, qamashga mendan boshqa odamingiz yoʻqmi?
— Men qamayman, demadim, jazo olasiz, deb ogohlantirdim.
— Qamayman, deysizmi yo jazo olasan, deysizmi — bir goʻr emasmi? Hech nima bilmayman, deb turib olsam-chi? Ichimdagi gapni yorib olasizmi? Undan koʻra molimizni berib yuboring, men sizga kerakli gaplarni aytay.

Omonullo bu shayton qamchisi bilan savdo pishishi qiyinligini anglab, telefon goʻshagini koʻtardi-da, qoʻshni boʻlimga qoʻngʻiroq qildi:
— Hafizxon aka, Boltaevaning uyida roʻyxatga olingan mollarni hozir berib yuborish mumkinmi?— Omonullo shunday deb Adolatga qarab oldi. Adolat masala oʻzining foydasiga hal boʻlayotganidan mamnun holda bir qimirlab oldi. Omonullo esa suhbatini davom etdi: — Ha, odam keldi. Boltaevaning oʻgay onasi, — Omonullo «bu qoʻpol gap ta’sir qilarmikin?» deb Adolatga tikildi. Adolatda norozilik alomati sezilmadi. — Mumkin emasmi? — Shu savoldan soʻng Adolat bir chayqalab oldi. — Ilojini qilish kerak. Eridan tilxat olib kelsa-chi? Ha, albatta, guvohlar ishtirokida. — Omonullo shunday deb goʻshakni joyiga ildi. — Tushundingizmi? Bir haftadan soʻng tilxat bilan kelasiz. Qani, endi ayting gapingizni.
— Kecha siz ketganingizdan keyin esimga tushdi. Xotiram oʻlgur sal oʻtmaslashib qolibdi, — deb gap boshladi Adolat. Omonullo esa oʻzicha «oʻtmaslashgan aqlda oʻtkir xotira boʻlarkanmi?» deb xayolidan oʻtkazdi.
— Uch oymi, toʻrt oymi avval Valijonni koʻruvdim.
— Kim u? — Omonullo shu savolni berib qogʻozga «Valijon» deb yozdi.
— Valijonmi? Tursunalining ishongan shoʻpiri. Tursunalini bilasiz, qamalib ketgan direktor. Qorang oʻchgur Matluba eri qamalsa ham koʻchib ketmadi.
— Koʻchishi kerakmidi?
— Eri qamalganidan keyin ketmaydimi kelgan joyiga. Bir nimadan ilinji bor u megajinning. Hozirgi direktor erining yaqin odami edi. Uyiga ham tegmadi. Nega tegmadi, bilasizmi? Yer yutkur Tursunali Nafisani surib yurganida, Matluba bu odamning koʻngilchasini ovlab yurgan.
— Koʻrganmisiz?
— Nimani?
— Koʻngilchasini ovlaganini?
— Koʻrib nima, men uning lozimiga qorovulmanmi, qachon yechib, qachon kiyganini poylab yuribmanmi?
— Xoʻp, bu gaplarni qoʻying, siz Valijonni koʻruvdingiz?
— Ha, koʻrdim, — Adolat shunday deb gʻashi kelganini bildirish maqsadida bir chimirilib oldi: — Bir kuni Matluba chaqirib, toʻppa-toʻsatdan «shaharga boramiz», debdi. Valijon «ertaga boraylik, kech boʻldi», desa ham koʻnmabdi. Keyin Valijon uni yer yutkur Nafisanikiga boshlab boribdi. Borishganidan keyin Matluba Valijonga «sen chiqib tur», debdi. Nafis oʻlgur esa «Oʻtiring, Valijon aka, choy iching, osh pishyapti», desa ham koʻnmabdi. Xullas, Valijonni chiqarib yuborib, janjalning uyasini qoʻzgʻabdi.
— Nega?
— Unisini bilmadim. Eri qamalmasidan ilgari jimgina pisib yurardi.
— Erining oʻynashi borligini bilmasmidi?
— Baloni bilardi, u yergina yutkur. Qip-yalangʻoch ustidan chiqib qolganida ham damini chiqarmagan.
— Unda nima uchun janjal qiladi?
— Bilmadim-u, ammo bir nima talashgan.
— Erini talashmagan xotin endi nimani talashishi mumkin?
— Nimani talashardi? Boylikni-da. Juvonmarg boʻlgur Tursunali topganlarini yashirib ketganga oʻxshaydi. Yer yutkur Nafis oxirgi kelganida otasi bilan pichirlashib qoldi. Sekin quloq soldim. Qulogʻimga kirgani Nafis oʻlgur nimanidir «topish kerak», dedi. Keyin «oʻsha kechasi oshxona tomonga qarab yuruvdi», dedi. Keyin ikkoviyam ketdi, bilsam oʻshanda boqqa borishibdi. Juvonmarg oʻlgur boqqa nimaga boradi? Erkaksirab boradi-da. Oʻynashi qamoqda boʻlsa, er jonivor haftalab yoʻq boʻlib ketsa... Maishatni sogʻinadi-da. Direktor oʻlgur ham bularga laqqa tusha qoldi. Qaytishganida qarasam, qulogʻida yangi zirak, barmogʻida qoʻsh uzuk. Naq tilla! Koʻzlari naq javhar! Koʻrdim-u, indamadim.

Omonullo bu gapni eshitib ekspertiza xulosalarini esladi: quloqlaridan zirak yulib olingan, barmoqlarida toʻrtta uzuk izlari bor...
— Barmoqlaridagi uzuklar ikkitamidi?
— Oʻzi azaldan ikkita bor edi. Bittasi nikoh uzugi, yana bittasi yoqut koʻzli tilla uzuk edi. Bogʻdan qaytishganda yana ikkitasi paydo boʻldi, deyapman-ku, tushunmadingizmi? Erkak zoti ham gʻirt ahmoq boʻladi. Nafis oʻlgur kim edi? It gʻajib tashlagan bir suyak edi. Shu sarqitning barmogʻiga ikkita uzuk taqasanmi? Shunaqa sarf qilar ekansan, svejiylaridan topmaysanmi?

Adolat yangi direktorni laqmalikda ayblab, yana bir-ikki gap aytdi. Omonullo esa yangi direktor bilan boʻlgan uchrashuvini koʻz oldiga keltirdi. «Nafisa Boltaevani koʻrganim yoʻq», deb tonganini esladi. Sovxozda ishni xom bajarganini anglab, yana borishni diliga tugdi-da:
— Xoʻsh, endi Valijonning gapi chala qoldi-ku? — dedi.
— Ha-ya, Valijon oʻlgur ham laqma-da, «chiq» desa chiqib ketaveribdi. Kundoshlarning qir-pichoq boʻlishlarini mazza qilib koʻrmaysanmi! Matluba shumshukkina boʻlib yurgani bilan balo-da. Nafis oʻlgur-ku togʻasiga oʻxshagan jinni. Yulib tashlashdan ham toymaydi. Bir marta meni yulgan u qoʻling singur. Omma men ham haqqimni qoʻymaganman.
— Xoʻp, qoyilman, opa, Valijon nima dedi?
— U juvonmang aytdiki, Matluba chiqqanida vajohati juda ham yomon ekan. «Shu ni oʻldirtirib yubormasam yurgan ekanman», debdi.
— Valijonga shunday debdimi?
— Yoʻq, Valijonga aytarmidi shunaqa gapni. Uydan chiqib kelayotganda oʻziga oʻzi gapirib kelayotgan ekan, yer yutkur shoʻpir qulogʻini ding qilib eshitib qolibdi. Keyin menga aytdi, «shunaqa, shunaqa gaplar boʻldi, qizingizni ehtiyot qiling», deb qoʻydi. Endi tushundingizmi?
— Tushundim. Aytadigan gaplaringiz shumidi?
— Ha, shuncha gapim kammi sizga? Boʻpti, agar kamlik qilgan boʻlsa, yana eshitsam yo eslasam kelib aytaman, — Adolat shunday deb oʻrnidan turib xayrlashdi. Lekin darrov chiqib ketmadi. Ostonada turganicha «er yutkur» va «oʻlgur»lar haqida yana allaqancha gaplarni aytib tashladi. Omonullo uni bilagidan ushlab, yoʻlga boshlamasa, kechgacha gapirishdan ham toymaydigan edi.

Adolatni kuzatgach, Omonullo boshliq huzuriga kirib qotillik yuz bergan uyni nazorat ostiga olish masalasida kelishib oldi.

Azoblarning muqaddimasi

«Ha-ha! Baribir urdi-ku, Xudo!! Hali bu ham kam senga, bir tomchi suvga zor boʻlib oʻlasan. Ha, sen qiynalib oʻlasan, men esam rohatlanib tamosha qilaman!».

Bu ovoz... qaynonasining ovozi... Oʻzi qani? Qaerda turib gapiryapti?

Harakatsiz yotgan Toshboltaning koʻzlari javdiradi. «Uxlayapmanmi, tush koʻryapmanmi? — deb oʻyladi Toshbolta. — Yoʻq, uygʻoqman. Hammayoq yop-yorugʻ. Avval domla oʻqiyatuvdi, keyin milisa keldi. Bu ham tushmi? Yoʻ-oʻq... «Adol bilan gaplashdi-ku u milisa? Adol... harom oʻlgur Adol, mendan oldin sen oʻlsang yaxshi edi. Bir kun boʻlsa ham sendan keyinroq oʻlishni orzu qilardim-a, bir kun boʻlsa ham odamga oʻxshab yashab qolardim-a... Milisaga nimalar deb sasiding-a, qanjiq! Menga tekkuningcha nima qilgan boʻlsang qilgansan. Hammasini eshitgan edim, lekin senga rahmim kelib indamovdim. Oʻshanda seni oʻldirvorsam boʻlarkan. Sen... ilon... hammamizni chaqib oʻldirding... Bir soatga boʻlsa ham tuzalsam edi, oʻrnimdan turib boʻgʻib oʻldirardim sen ablahni. Yoʻ-oʻq... avval tilingni kesar edim, soʻng boʻgʻardim. Nafisning oldiga yuzim yorugʻ boʻlib borardim...»

«Ha-ha! Seni Xudo urdi-ku!»

Yana oʻsha ovoz. Toshboltaning koʻzlari yana javdiradi. Soʻng nigohi qotdi: yonginasida qaynonasini koʻrdi. Qaynonasi oʻtirib olganicha eski koʻrpachani soʻtyapti.

«Nima qilyapsiz?» — deb soʻradi Toshbolta.

«Senga kafan bichmoqchiman» — deb javob berdi qaynonasi.

«Eski koʻrpachaning astaridan ham kafan boʻlarkanmi?» — dedi Toshbolta.

«Senga shu ham hayf. Itday oʻlib, itday koʻmilishing kerak», — dedi qaynonasi.

«Meni buncha yomon koʻrasiz-a? Qizingizni urgan boʻlsam jazosini totdim-ku? Xudo bir alvastiga roʻpara qilib qoʻydi-ku?» — dedi Toshbolta.

«Nafisaning hayotini bulgʻab tashlading. Menda ham ayb bor: uni senga berib yubormasligim kerak edi»,— dedi qaynonasi.

«Men qizimning baxtli boʻshishini istagan edim. Baxtini topgan edi», — dedi Toshbolta.

«Nomi buzuq boʻlib topilgan baxt baxt ekanmi? Ayt, oʻzing, jon qizim, baxtli edingmi?»

Shu payt qaynonasining orqasida Nafisa koʻrindi: eski, kir koʻylakda, koʻzlarida yosh, ma’yus qarab turibdi. Toshboltaning hech esidan chiqmaydi: qamoqdan qaytib, qaynonasinikiga kelganida Nafisani shu holatda koʻrgan edi. Koʻrib, yurak-bagʻri ezilib ketgan edi.

«Qizim, buvingga aytgin, men senga hech yomonlikni tilaganmanmi?»

Nafisa indamay, shu holatida qarab turaverdi.

«Qizim, meni qiynama, oʻladigan boʻlsam ham qiynalmay oʻlay, ayt, baxtli eding-ku, axir?»

«Nafisa senga gapirmaydi», — dedi qaynonasi.

«Nega gapirmas ekan?» — dedi Toshbolta.

«Oʻliklarning gapirganini qayda koʻrgansan?» — dedi qaynonasi.

«Siz gapiryapsiz-ku?» — dedi Toshbolta.

«Men senga kafan bichish uchun atayin kelganman»,— qaynonasi shunday deb qah-qah otib kula boshladi. Oʻzini toʻxtatolmay toʻxtovsiz kuldi, sonlariga shapati urib kuldi, Toshboltaning naq tepasiga turib olganicha kinolardagi yalmogʻiz kampir kabi xunuk kuldi. Kulgi jarangidan Toshboltaning quloqlari shangʻillab ketdi.
— He, turqing qursin senlarning, jigarlaringni qurt kemirib quritsin!..

Bu kimning ovozi? Toshbolta sergak tortdi: qaynonasi emas, Adolatning shangʻillashi bu. Kimni qargʻayapti?
— Molni egasining oʻziga berarmish. Kim egasi? Onangning mahriga tushgan mol ekanmi?

Shangʻish ovozi tobora yaqinlashib, roʻparasida Adolatning qahrli chehrasi koʻrindi.
— Qanaqa erkaksan oʻzing?! oʻirt ahmoq odam ham shuncha molni oʻsha yerga tashlab kelavermaydi. Milisaning gaplarini eshitdingmi? E, er boʻlmay oʻlibgina ketgin sen! Senga tekkanimdan beri birim ikki boʻlmadi-ya! Endi seni bitimga boqamanmi? Bitta ukoling necha pul, bilyapsanmi. Tuzaladigan boʻlsang, tuzal, boʻlmasa oʻzim boʻgʻib oʻldirib qoʻya qolay. Boqishga arziydigan erkak boʻlsang ekan, sen...

«Noshukur boʻlma, shuncha topib kelganim kammi senga? Uchta emas, oʻttizta qiz uzatishga yetadigan mol yigʻding-ku? Tilla taqinchoqlarni sotsang ikkita mashina beradi-ku? Buncha noliysan, qora shaqshaq?!» Shunday demoqchi edi, til aylanmadi. oʻoʻldiragan ovoz chiqdi.
— Nima deyapsan, qaytarchi? — dedi Adolat yoniga tiz choʻkkanicha quloQini ding qilib.

«Hadeb voy-voylab oʻpkangni koʻrsatavermay bitta qoʻy olib soʻydirib xudoyi qilib yubor. Bizga balo yogʻilyapti. Xudoyi qilmasang boʻlmaydi. Boya domla oʻqiyotganida shu koʻnglimga keldi».

Toshbolta shu soʻzlarni aytmoqchi boʻlganida koʻzlari qassobga qarayotgan qoʻzichoq koʻzlari kabi javdiradi.

Adolat bu nigohga zuhr boʻlgan ma’noni oʻz aqli yetganicha oʻqidi:
— Mollarni borib olib kelaymi?

«Kallangni ishlatsang-chi: balo yogʻilyapti, deyapman senga. Qoʻy olib soʻydir, xudoyi qil, deyapman. Baloga men uchradim, mayli, endi qizlarga urmasin. Sen alvastiga ham Xudoning atagani bordir, esingni yigʻsang-chi!..»

Ularning bu tahlitda gaplashishi soqov bilan soʻqirning suhbatini eslatardi.
— Ha, boʻpti, nima demoqchi boʻlganingni tushundim, — dedi Adolat. — Erta yo indin borib olib kelaman. Milisa boʻlsa oʻziga, men indamay qoʻyib berarkanmanmi? Noshud boʻlmay qaro yerga kirgin sen. Shuncha molni uyga qoʻymay, xaridorga topshirib kelsang oʻlarmiding? Bu yoqqa hovliqib yugurganing bilan qizing tirilib qolarmidi? Mana, yugurganing bilan koʻmish baribir senga nasib qilmadi-ku? Xudo bizga mehribon-da, seni shu koʻyga solmaganda moʻylov jinning oʻla qolsa jiyanini koʻmmasdi. Butun xarajat bizning gardanimizga tushardi. Eri oʻlgur qaysi goʻrlarda ekan? Xotin olmay oʻla qolsin, u soʻtak. Qiz bilan juvonning farqiga bormasa...

Toshboltaning yuragi sanchib, ogʻriqqa chidolmay ingrab yubordi. Ancha bosilib qolgan kuragidan ogʻriq ham uygʻondi. Oyoqlari yuzlab chayonlar hukmiga topshirilganday azob cheka boshladi. Ingrash oʻkiriqqa aylandi. Yonogʻiga yosh tomchilari dumaladi.

«Boʻgʻib oʻldirsang oʻldira qol», degan iltijo bilan xotiniga boqdi.
— Ha, shunaqa, — dedi Adolat oʻrnidan turib, — toʻgʻri gap tuqqaningga yoqmaydi. Sogʻ paytingda ham quturgan tuyaga oʻxshab oʻkirib qolarding. Hozir ham shuning xumori tutdimi, he oʻkirmaygina oʻlgin sen...

«Toʻxta, hech boʻlmasa oyoqlarimni silab qoʻy, bu azob bilan oʻlmay. Jonim chiqmasidan oldin sen ham menga bir yaxshilik qil». — Til bu gapga ham aylanmadi. Alhol, bu iltijo tish hatlab aytilgan taqdirda ham xotin tomonidan ijobatga olinmogʻi mahol edi. Javob tariqasida uning tilidan «Endi sening isqirt oyoqlaringni qashilash qoluvdi», degan gapning uchmogʻi ehtimoldan xoli emasdi.

Toshbolta azoblar iskanjasida yotganida Nafisa koʻrindi.

«Qizim, jon qizim, kel, sen qutqar bu azoblardan».

«Qanday qutqaray? Bu azoblarni men bermadim sizga, men qutqara olmayman».

«Buving meni betoʻxtov qargʻayaptilar. «Seni Xudo urdi», deb quvonyaptilar. Men Xudoga nima yomonlik qildim. Mendan beshbattarlari ham yuribdilar-ku, yallo qilishib? Bittagina aybim — onangni urganim. Undan keyin men ham odamga oʻxshab yashayin deb harakat qildim, xalos. Boshqalar yeb-ichib, maishat qilib qornini silab yotganida, men och-nahor yashashim kerakmidi? Nima, nafs bitta menda bormidi? Nafsi oʻpqonlar-chi? Qani, gapir, nega jim turibsan?»

«Dada, men nafsni oʻlchaydigan tarozibon emasman. Mening bilganim — bizlarni shu nafs sharmanda qildi».

«Sharmanda qildi? Tirikligingda ham shunaqa devding. Sharmandalik nima oʻzi? Koʻzga koʻrinmasa, qoʻlga ushlab boʻlmasa, yeb boʻlmasa, kiyib boʻlmasa... Odamlarning gapimi? Oʻshanda ham aytuvdim, hozir ham aytaman: tupurdim, oʻsha odamlarning oʻzlariga ham, gaplariga ham!»

«Dada, unday demang, shu odamlar erta-indin sizni koʻtarib joyingizga olib borishadi».

«Baribir tupurdim! Oʻlganimdan soʻng koʻtarib olib borishadimi yo hojatxonaga tashlab yuborishadimi — menga baribir. Sen qizim, buvingga tayinlab qoʻy: hadeb meni qargʻayvermasinlar. Uch-toʻrt kun boʻlsa ham tinch yashay. Kelsang oʻzing kel, buving kelmasin. Toʻxta, buvingga qoʻshilib sen ham meni qargʻayotganing yoʻqmi?»

«Nimaga qargʻayman, dada?»

«Tursunaliga roʻpara qilganim uchun-da. Lekin, sen bilib qoʻy: bu mening kallamdan chiqqan aql emas edi. Alvasti oʻgay onang aytuvdi, men laqmaga ma’qul keluvdi. Qargʻasang oʻshani qargʻagin. Lekin... oʻzing ham Tursunalini yaxshi koʻrarding-ku, a?»

«Yaxshi koʻrardim, dada».

«Yaxshi koʻrsang baxtsiz emas ekansan-da? Buni buvingga aytgin. Ogʻzimiz endi oshga yetganida, boshimiz toshga yetdi. Oxirgi marta boqqa borganimiz esingdami? Oʻchoq tagidan topgan taqinchoqlarimiz esingdami? «Qorashaqshaq» buni boshqacha tushunibdi. Yangi direktor bilan oʻynashib, shuning haqqiga olgan, deb oʻylabdi u haromi. Seni fohisha deb hisoblaydi. Senga avvallari aytmovdim, dardim ichimda edi. Menga tegmasidan avval oʻzi shunaqa boʻlgan. Shuning uchun boshqalarni ham oʻziga oʻxshatadi, u haromi. Qargʻasang oʻshani qargʻa. Oʻchoq tagidan topgan taqinchoqlarni taqib oluvding. Oʻlib yotganingda qarasam, ziraklaring ham, uzuklaring ham yoʻq. Oʻzing olib qoʻyganmiding yo... ering olib qoʻyuvdimi?»

Nafisa bu savolga javob bermay ma’yus tikilib turaverdi.

«Bilmaysanmi? Unda seni oʻldirgan odam olib qoʻygan. Nafis, qizim, ayt, seni kim oʻldirdi? Yoningdagi yigit kim edi? Faqat «oʻynashim edi», demagin. Men ishonmayman. Sen unaqa shilta emas eding, qizim. Seni ering oʻldirmagan, undan gumonim yoʻq. Agar u oʻldiradigan boʻlsa, Tursunalini oʻldirardi. U Tursunalini yaxshi koʻrishingni bilardi. Bir marta mast boʻlvolib menga yigʻlagan, senga aytuvdim. «Tursunali bilan uchrashmasin», deb yalingan. Oʻldiradigan odam bunaqa boʻlmaydi. Unda kim oʻldirdi seni? Karvon bormaganmidi uyingga? Oʻchoqni buzgan kunim bir nimani sezib is olganday boʻluvdi. Meni koʻrolmaydi u nokas. Bogʻ qorovulligini mendan olgunicha atrofimda itpashshadek aylandi. Keyin-keyin qiliq chiqardi. Mening gumonim oʻshanda. Sayfini tanirding, a? Yettinchi boʻlimning boshqaruvchisi. Senga sovchi qoʻydirganida unamaganman, esingdami? Oʻsha Tursunali bilan gap talashib qolganida Karvon «Sen hali xoʻjayinga gap qaytaradigʻon boʻp qoldingmi!» deb itday poʻpalab tashlovdi. Men oʻrtaga tushmasam oʻlib ketardi, bola bechora. He, attang... shu gaplarni milisaga aytsam boʻlarkan...»

Nafisa otasining gaplariga e’tibor bermay tisarila boshladi.

«Qizim, ketma, sen kelib, azoblarim sal nari boʻlyatuvdi. Meni qutqar, qizim...»

«Oʻzimning azoblarim oʻzimga yetadi, dada».

«Azob? Qanaqa azob? Oʻlgan odamda qanaqa azob boʻladi? Oʻlim hamma azoblardan qutqaradi-ku?»

«Yoʻq, dada, oʻlim siz bilan men uchun azoblarning boshlanishi...»

«Unday dema...»

«Yaqinda oʻzingiz koʻrasiz...»

Shunday deb koʻzdan yoʻqoldi. Toshboltaning qulogʻiga azobli faryod ovozi eshitilib, atrofiga alang-jalang qaradi. Is bosgan ayvon shipi, boʻyogʻi koʻchgan ustundan boshqa hech nima koʻrinmadi.

Kimdir ingradi... Kimdir oh urdi...

II- qism