OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiMurdalar gapirmaydilar (III- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm200KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/29
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Murdalar gapirmaydilar (III- qism)
Tohir Malik

Ikkinchi bayon: Farjom (davom)

Poklik

— Qoʻlingni koʻtar! gʻiring desang, otaman!

Gardaniga sovuq bigiz uchi tiralganday boʻlib, Omonulloning eti bir seskandi. Lekin tanish ovoz uni jilmaygan tarzda orqaga oʻgirilishga majbur etdi. Sinfdosh doʻsti Safarning qiligʻi unga ma’lum: poylab turib, orqadan pisib kelib, shunaqa deyishni yaxshi koʻradi.
— Otadigan odam toʻpponchani biqinga tiraydi, qalamni gardanga sanchmaydi, harif! — dedi doʻstining qoʻlini ehtiyotlik bilan qayirgan boʻlib. Keyin ularning harakatini kulimsirab kuzatayotgan navbatchiga qaradi: — Meni «shoshilinch tarzda yoʻqlayotgan xotin» shumi? Serjant, bu yolgʻon uchun nima qilaman, bilasanmi?
— Oʻzimizning akaxonimiz-ku?
— Boʻldi, ukaxonga sasima. Sen kapitan boʻlsang, men — Nishonovman! «Nishonov» deganda hozir kapitan tugul generallaringning ham ichi oʻtib ketadi. Boʻldi, yur, ketdik.
— Qayoqqa?
— Bugun qanaqa kun? Ikkinchi payshanbami? Ikki marta shtrafga tushib turibsan oʻzing.
— Yoʻgʻ-e?
— Ha-e! Endi seni himoya qilmayman. Bolalar poʻstagingni qoqib olishadi.
— Avvalgi «gap» kuni kasal edim.
— Kasal-pasaling bilan ishimiz yoʻq. Ahmadjon nima degan? Kasal tugul oʻlib qolsang ham oʻligingni «gap» boʻlayotgan uy yonidan olib oʻtishlari kerak. Ketdik.
— Ishim bor.
— Ish-pishing bilan ishim yoʻq. Serjant ukaxon, xoʻjayinga aytib qoʻying: oʻrtoq Safar Nishonov shaxsan kelib, muhim bir ish bilan olib ketdilar deng. Nishonovga qarshi bir nima deydigan odam hali tuQilmagan.

Omonullo Safarning odatini biladi. Tanaga yopishgan kanani yoki zulukni olib tashlash mumkin-ku, ammo Safar bir nima deb yopishdimi, undan oʻlib ham qutulib boʻlmaydi.
— Xoʻp, mashinadamisan?
— Mashinadaman, xizmat bormi?
— Bor. Hozir dadamnikiga kirib oʻtamiz.
— Tushunarli. Qaynonangni sogʻinibsan, u yerga kirib oʻtishimiz ham tayin, a? Uyalmay aytaver, men atay bir yarim soat oldin keldim. Sening qiligʻingni bilaman.
— Ertaga boʻshmisan?
— gʻirt boʻshman, oʻgʻri oviga olib borasanmi? Benzin topib bersang boʻldi, dunyoning narigi chetiga ham ketaveraman.

Omonullo xonasiga kirib stol ustidagi qogʻozlarni tartibga keltirib, tortmasiga solgach, tezgina iziga qaytdi.

Tabiatan sergʻayrat boʻlgan Safar mashinani ham behalovat tarzda haydardi. Yashil chiroqning oʻchganiga parvo qilmay chorrahadan oʻtishi bilan yoʻl harakati nazoratchisi ola tayogʻini koʻtarib, toʻxtashga ishora qildi.
— Qizilga oʻtmadim shekilli? — dedi Safar toʻngʻillab. — Mashinada milisa olib yurishning hech hosiyati yoʻq, shunaqa ishkalga roʻpara boʻlaveraman.
— Naq qizilning oʻzida oʻtding. Men guvohman. Hujjat ketdi, deyaver, — dedi Omonullo tegajaklik qilib, — ovora boʻlma, yoningni olmayman.
— Senga ahmoq odam yalinadi. Qarab tur, hozir toʻxtatganiga pushaymon qildirvoraman.

Safar shunday deb mashinani toʻxtatdi-yu, ammo pastga tushmay, oʻtiraverdi. Haydovchilarning yugurib kelib, qoʻshqoʻllab koʻrishishiga koʻnikkan nazoratchi bir oz kutdi, soʻng mashinaga yaqinlashdi. Safar oynakni tushirib bosh chiqardi.
— Ha, ukaxon, tinchlikmi?
— Tinchlik, hujjatlaringizni koʻrsating?
— Oʻzing kimsan, nega tanitmaysan?
— Inspektor Nuriev. Hujjatingiz?
— Meni tanimadingmi?
— Tanimadim, aka. Hujjatingiz? Iltimos, mashinadan tushing. — Nuriev shunday deb Omonullo tomonga qaragan edi, u «bopla, qoʻymaysan!» deganday imlab qoʻydi. Safar esa, sumkasidan hujjatini olib, mashinadan tushdi. Nazoratchi hujjatlarni koʻrib chiqqach:
— Safar aka, nega qizilga oʻtdingiz?— deb soʻradi.
— Nima deding? — Safar shunday deb xuddi bemorni koʻrayotgan tabib kabi unga tikildi. — Men koʻk bilan qizilni farqiga bormaydigan ahmoqqa oʻxshaymanmi? Menga qara, mabodo oʻzing daltonik1 emasmisan?
— Haqorat qilmang, aka.
— Vey, men seni haqorat qildimmi? Guvohing bormi? Oʻzing menga ikki marta tuhmat qilyapsan. Men seni daltonik dedim. Bu soʻkish emas, ma’nosini xoʻjayiningdan soʻrab ol.
— Aka, nima desangiz deng, qizilga oʻtdingiz. Protokol yozaman.
— Uka, sen hujjatni koʻrdingmi?
— Koʻrdim.
— Familiyani koʻrdingmi? Familiyani?
— Koʻrdim.
— Nima deb yozibdi?
— Nishonov.
— Nima degani bu?
— Bilmayman, Nishonboy akaning yo oʻgʻli, yo nabirasi deganidir-da.

Safarning doimiy quroli ish bermay, Omonulloga qarab qoʻydi.
— Mashinadagi akangni taniysanmi?
— Tanimayman. Protokol tuzaman, — Nuriev shunday deb qogʻozlarini chiqardi.
— Toʻxta, hovliqma, anavi akang oʻzlaringdan, podpolkovnik. Mening qiz oʻrtogʻim boʻladi. Vey, Omon, tush bu yoqqa.

Omonullo kulimsiraganicha tushib, nazoratchi bilan koʻrishdi.
— Starshina, sigaretdan oling, — dedi bir koʻzini qisib qoʻyib. Chekmaydigan Safar ham nazoratchi uzatgan sigaretdan olib labiga qistirdi. Omonullo starshinaga oʻt tutib, soʻng oʻzi ham tutatdi-da, Safarga qaramadi. — Starshina siz haqsiz: bu oʻrtoq chindan ham qizilga oʻtdi. Agar protokol yozmasangiz, oʻzingizdan koʻravering. Bu oʻrtoq ikki marta aldayapti: men podpolkovnik emasman.

Omonullo koʻz qisib qoʻygani bilan bu gaplarning hazilmi yo chin ekanini anglay olmayotgan nazoratchi Safarga ajablanib qaradi.
— Omon, qoʻy, bu gaplarni. Podpolkovnik boʻlmasang mayordirsan, mayor boʻlmasang kapitansan. Lekin mening nazarim tushgan bolasan. Podshozodalarning nazari tushgan milisa erta-indin general boʻlib ketadi. Sen bu bolalarga hazillashma, bular hazilni tushunishmaydi.
— Nimasi hazil ekan? Qonun hamma uchun bir. Qoidani buzganingdan keyin jazosini ol.
— Shunaqami? Dodam rohmatli «milisadan oshnang boʻlsa, yoningda oyboltang boʻlsin», deganlarida ishonmagan ekanman, — dedi Safar piching ohangida.
— Ikkita oshna oʻzlaring kelishib olaveringlar. Men protokol yozaman, — dedi nazoratchi.
— Ha, yozing, — dedi Omonullo atay qitiqlab.
— Yozsinmi? — dedi Safar poʻpisa ohangida.
— Yozaman, aka, oshnachilik oʻz yoʻliga, ish oʻz yoʻliga.
— Boʻlmasa, ma! — Safar shunday deb unga mashina kalitini uzatdi. — Xoʻjayiningga berib qoʻy. Mashinani shaxsan oʻzi olib borib beradi.

Nazoratchi kalitni oldi-yu, savol nazari bilan Omonulloga qaradi. Omonullo yana koʻz qisib qoʻyib, sigaretini tutataverdi. Safar esa «qoʻying aka, hazillashdim», degan lutfni bir oz kutib, labiga qistirigʻlik tutatilmagan sigaretni chetga uloqtirdi-da, qoʻl siltaganicha nari keta boshladi. Shundan soʻng Omonnullo oʻzining guvohnomasini koʻrsatib, uzr soʻragach, mashina hujjatlari bilan kalitni olib, haydovchi oʻrindigʻiga oʻtirdi. Safar oʻn besh-yigirma qadamcha yurib toʻxtab, oʻtayotgan mashinalarga qoʻl koʻtara boshladi. Omonullo undan uch-toʻrt qadam oʻtib mashinani toʻxtatdi-da, pastga tushib soʻradi:
— Akaxon, qaysi tomonga borasiz? Yoʻl-yoʻlakay boʻlsa olib ketay, harna benzin puli chiqsin.
— Ukaxon, katta xolangiznikiga ketyatuvdim, naq yoʻlimning oʻzi, — Safar shunday deb toʻngʻilladi-da, haydovchi yonidagi oʻrindiqqa oʻtirdi.
— Sariqmassan-ku, buncha tutab ketding? — dedi Omonullo mashinani yurgʻizgach.
— Hazil deb gapiraverasanmi? GAI hazilni tushunadimi?
— Unaqada oʻzing ham katta ketma.
— Katta ketib nima debman?
— «Senga yalingan — ahmoq», degan kim edi? Endi ahmoqligingni tan oldingmi?
— Seni oshnam deb yurgan odam ahmoq boʻlmay nima boʻlardi?
— Boʻpti, mingʻillama. Bir joyda zoʻr pivo bor, olib boraymi?
— Pivoning dodaxoʻjasini hozir borib ichasan. Bavariyanikidan topib qoʻygan.

Pivo bahonasida chalgʻigan Safar arazni unutdi. Omonulloning tutingan otasinikiga borishgach, u «oʻzing kirib chiqaver», deb mashinadan tushmadi.

Ikki tabaqali eshik qiya ochiq edi. Omonullo qoʻngʻiroq chalib oʻtirmay ichkari kirdi. Uch oyoqli kalta narvon ustiga chiqib olib, gilos terayotgan Bobomurod Omonullo ovoz bermaguniga qadar uning kirib kelganini sezmadi. Omonullo ana shundan ajablandi. Tabiatan sezgir boʻlgan Bobomurod ichkari uyda oʻtirsa ham koʻcha eshigi ochilganini bilardi.

Tutingan oʻgʻlining ovozini eshitishi bilan gilosga uzatgan qoʻlini tushirib, pastga qaradi. Omonullo uning qarashida ham sustlik sezib «qariyaptilar», deb koʻnglidan oʻtkazdi. Otasining holatidagi oʻzgarish sababini keyinroq bildi, Omonullo soʻramasa ham Bobomurodning oʻzi aytdi:
— Opangning mazasi qochib qoldi, ertalab kasalxonaga tashlab kelganman. Hozir yana ketaman. Kechasi yonida boʻlishim kerak. Harna dalda-da.
— Safar ogʻaynimning mashinasidamiz. Kuzatib qoʻyamiz, — dedi Omonullo.
—E, yoʻq, hali ovqat qilishim kerak. Vaqting boʻlsa, ertalab xabar ol.

Bobomurod «opang» deb atagan ayol Omonulloga yetti yot begona edi. Oxirgi marta qamoqdan chiqib qaytayotgan Bobomurod Penza bekatida gʻaribgina kiyingan, sochlari toʻzib, koʻzlari kirtaygan ayolni koʻrib, e’tiborsiz oʻtib keta olmadi. «Ruslarga oʻxshamaydi-ku bu ayol», degan oʻy bilan qaraganida vagonlarga tikilib, kiprik qoqmay turgan ayol behosdan gapirib qoldi:
— Biz uch kishi edik: Valya Namanganskaya, Gulya va men. Toʻgʻri, oʻgʻirlik qilmaslik kerak edi...

Ayolning oʻzbekchalab gapirib qolishi Bobomurodni toʻxtatdi.
— Singlim, sizga nima boʻldi? — deb soʻradi.

Ayol uning gaplarini eshitmadi, holatini oʻzgartirmay, kiprik qoqmagan holda yana oʻsha gapini takrorladi:
— Biz uch kishi edik...

Bobomurod yana qayta soʻradi. Ayol oʻzgarishsiz oʻtiraverdi.

«Oʻtirib chiqqanga oʻxshaydi, — deb oʻyladi Bobomurod. — Boshiga urishgan boʻlsa, esi ogʻib qolganmi...»

Bobomurod nima qilishini bilmay turganida militsiya mayori unga yaqinlashib hujjatlarini koʻrsatishni soʻradi. Hujjatlarni sinchiklab tekshirgach, qaytarishga shoshilmay, Bobomurodga sinovchan boqdi-da:
— Hamyurting shekilli? — deb soʻradi.
— Shunaqaga oʻxshaydi, — dedi Bobomurod.
—Hamkasbing boʻlishi ham mumkin, — dedi mayor.
— Ha, shunaqaga oʻxshaydi.
— Bu ham qamoqdan chiqqan. Ikki-uch kundan beri shu yerda. Jinnixonaga berib yuborsammikin, deb turuvdim. Agar odamgarchilik qilish qoʻlingdan kelsa, oʻzing bilan olib ket. Yurtida qarindoshlari bordir. Jinnining millati boʻlmaydiku-ya, ammo xor boʻlib oʻlishi yaxshi emas.

Bobomurod militsiya xodimlarini yoqtirmas edi, deyilsa juda yumshoq qilib aytilgan boʻladi. Oʻn toʻrt yoshidan beri toʻrt marta qamoq lagerlarining tuzini totgan odamning nafratini hech nima bilan oʻlchab boʻlmaydi. Shunday boʻlsa-da, mayorning hozirgi gaplari koʻngliga yoqdi. «Nahot senda tuygʻu boʻlsa?» degan ma’noda unga qarab oldi-da:
— Bir amallab olib ketaman, — dedi.
— Sen bu oʻtirishiga qarama, saldan keyin oʻziga keladi, — mayor shunday deb hujjatlarni qaytarib berdi-da, nari ketdi.

Ayol kipriklarini pirpirata boshlagach, Bobomurod:
— Singlim, Toshkentga ketyapman, birga ketaylik, — dedi.

Ayol unga yalt etib qaradi-da, yaqin mehribonini koʻrgan odamday suyunib, jilmaydi:
— Men uyimga ketaman! — deb kafti bilan burnini artdi.

Bobomurod yoshi oʻttizga yetmagan, koʻrinishidan esa elliklarni qoralagan ayolning fe’li, tabiati qanday ekanini yoʻl-yoʻlakay bilib oldi. Ayol militsionerni koʻrsa qalqib ketardi, jinoyatdan yoki qamoqdan soʻz ochilsa, lablari oshkora titrardi. Bobomurod shu sababli manzilga kelgunicha ham bu mavzuda soʻz ochmadi. Ayol turar joyini unutgan edi. Bobomurod hujjatiga qarab uni qishlogʻiga boshlab bordi. Ayol tugʻilib oʻsgan uy ostonasiga yetishganda hali shom namoziga azon chaqirilmagan edi. Bobomurod eshikni taqillatgach, qirq yoshlardagi odam chiqib Ayolni koʻrdi-yu, ostona hatlagan yerida turib qoldi. Ayol ham unga qarab kipriklarini pirpiratganicha tek qotdi.
— Sen kimsan, erimisan yo sherigimisan? — dedi uy egasi dabdurustdan.
— Eri ham emasman, sherigi ham emasman. Yoʻlda uchratib qolib, qogʻozlariga qarab boshlab kelyapman. Oʻzing kimsan?
— Hech kimi.
— Hech kimi? Tanimaysanmi bu ayolni?
— Taniyman... — dedi uy egasi mujmal ohangda,— men... akasi edim.
— Akasi edim? Endi-chi, akasi emasmisan?
— Ota-onam oq qilishgan, men ham oq qilganman.
— Nega oq qilasan?
— Ishing boʻlmasin, bu isqirtni olu joʻna bu yerdan. Isnodga qoldirma bizlarni. — U shunday deb oʻgirilmoqchi boʻlganida Bobomurod giribonidan oldi-da, qorniga musht urdi:
— Menga qara, hey harom! Singlingni Penzada koʻrib qolib, yetaklab keldim. Oʻsha yerda bir oʻris, oʻris boʻlganda ham bir ment singlingga rahm qildi. Bu yerlarda xor boʻlib oʻlib ketmasin, dedi. Sen nima deyapsan? Men toʻrt marta oʻtirib chiqqan odamman. Beshinchisida nima uchun oʻtirarkinman, deb yuruvdim. Sening qoningni ichib oʻtiraman shekilli? Qani, joningni sugʻurib olmasimdan ayt-chi, nima uchun oq qilgansan?
— Shaharda oʻqiyapman, deb oʻgʻrilarga qoʻshilib ketibdi. Bizlarni nomusga qoʻydi.
— Senda hali nomus ham bormi, harom! Kasal singlingni oq qildim deb, koʻchaga haydab qoʻyib, yana nomusdan gapirasanmi! Ota-onang qani?
— Oʻlib ketishdi.
— Qovurgʻangning orasiga panjamni tiqib yuragingni sugʻurib olgim kelyapti. Lekin shu singlingning hurmati uchun hozircha tirik qolasan. Seni yoʻqlab alohida kelaman. Nomus nima, insof nima, vijdon nima — gaplashib olamiz. Hozir esa, hamma qoʻshnilaringni chaqir.

Aka avvaliga koʻnmadi, biroq yumshoq yeriga uch-toʻrt tepki tushgach, buyruqni bajardi. Ayrim qoʻshni ayollar toshdek qotib turgan Ayol bilan koʻrishmoqchi boʻlishdi. Ba’zilari esa, ostonalaridan uzoqlashmay choʻchigan holda qarab turaverishdi.
— Qoʻshnilar, bilib olinglar: mana bu harom odam aka ekan. Bu iflos odam singlisini oq qilganmish. Qamalgan qizlar oq qilinsa, koʻchalarda xor boʻlib oʻlsin, degan qonun bormi oʻzi? Qaranglar, singlisi kasal. Shu ayolga bir oʻrisning rahmi keldi, akasining esa rahmi kelmaydi. Endi men shu ayolning nomidan gapiraman: u akasini oq qildi, bilib qoʻyinglar! Endi men unga aka, u menga singil! Omin! Fotiha beringlar!

Birov fotiha qilgan boʻldi, birov qimir etmadi.
— Biz uch kishi edik: Valya Namanganskaya, Gulya va men. Toʻgʻri, oʻgʻrilik qilmaslik kerak edi...

Ayol bu gapni avval sekinroq aytdi, soʻng baland ovozda qaytardi-da, qah-qah otib kuldi, kulaverdi...

Bobomurod hayron boʻldi: shu paytgacha Ayol kulmagan edi.

Qoʻshnilar birin-sirin uylariga daf boʻldilar. Akaning ham qorasi oʻchdi. Bir piyola choyga taklif etuvchi insof egasi topilmadi.

Qishloqdan chiqishganda qosh qoraygan edi. Bobomurod biron xonadon eshigini taqillatib boshpana soʻrashni istamadi. Oʻz mayliga qoʻyib berilgan keksa tulpor kabi yoʻlning oʻrtasidan asta yurib boraverdi. Ayol ikki qadam orqada, unga mutelik bilan ergashgan edi. Bobomurod koʻp zulm koʻrgan — zulm ham qilgan, oqibatsizlik tuzini totgan — oʻzi ham oqibatsizlik zahrini boshqalarga yalatgan, oz boʻlsa-da, mehr sharobidan lazzat olgan — oz boʻlsa-da, boshqalarga ham ilingan, insonning hayvondan ham tubanroq tarzda xorlanishi mumkinligini koʻrgan, vaqti kelsa, bosh-qalarga ham koʻrsatib qoʻygan odam edi. Ammo bugungiday holatni uchratish nima ekan, eshitmagan, hatto xayoliga ham keltirmagan edi.

U ham, izidan kelayotgan ma’suma ham, Bobomurodga fotiha berganlar ham, bermaganlar ham Ollohni tanishmas edi. Buning uchun ularga ayb jandasini kiydirmoq noinsoflik boʻlar. Tugʻilganlaridan to ayni damga qadar biron bir imon egasi Yaratgan tangrini tanishga da’vat etmadi. Yaxshilik bilan yashaganlarga jannat eshiklari ochilajagiyu, yomonlik qilganlarga bu dunyodagi qamoqdan tashqari doʻzax azoblari borligini hech kim aytmadi, tushuntirmadi. Ularning har birlari insof, vijdon, iymon, mehr-oqibat tushunchalarini oʻzlaricha anglashardi. Bu dunyo sinovli dunyo ekanini, har bir harakat, har bir soʻz imtihon tarozusida tortilajagini oʻylab koʻrishmagan edi. Ayni damda zoʻr bir imtihon sodir boʻlayotganidan ham bu gʻofil bandalar bexabar edilar.

Qoʻshnilar uy-uylariga kirgach, sodir boʻlgan voqeani oʻzlaricha muhokama etib, oʻzlaricha baholar edilar:
— Xudo yomon uribdi, bechorani. Ota-onaning qargʻishi yomon-da.
— Xudo jazolabdi...
— Jazosini beribdi...

Alhol, Tangrining jazosiga uchragan kim? Ayolmi, akasimi yo shu qoʻshnilarmi? Vallohi a’lam, bissavob...

Yoʻlda borayotgan Bobomurod bularni oʻylamaydi. Ruhoniy masalalar, ruhoniy hukmlardan uzoq boʻlgan bu odamning oʻz dunyosi, oʻz oʻlchamlari, oʻz hukmi, nihoyat... hukmning ijrosi bor. U «Xudoga soldim», «Bir kunmas bir kun ularni Xudo uradi» yoki «Xudoyim, oʻzing jazolarini ber», deb oʻtirmaydi. Masalani oʻzicha osongina hal etadi: oʻzi hukm chiqarib, oʻzi ijro etib qoʻya qoladi. Hozir ham shart iziga qaytgisi, akaning yuragini sugʻurib olgisi, bu bemehr yurakni itlarga tashlagisi keldi. Juda-juda istadi shunday qilishni. Biroq, ogʻir-ogʻir qadam tashlab kelayotgan chorasiz Ayolning qismatini oʻylab, oʻzini bosdi. Hozir qaytib Akani chertsa ham qamalib qolishi oqibatida Ayol koʻchada xorlanishi yoki jinnixonada azob chekib yotishi mumkinligini u bilardi.

Tuni bilan yurish foydasizligini anglab, tashlandiq shiypon yaqinida toʻxtadi. Bir oz oʻylanib turgach, shiyponga qarab yurdi. Xas-xashaklarni oyogʻi bilan sidirib tozalagan boʻldi-da, oʻtirdi. Ayol Bobomurodga yaqin kelishdan qoʻrqqandek shiypon yonida turaverdi. Bobomurod avvaliga indamadi. Soʻng:
— Oʻtir, — deb qoʻydi.

Ayol taklifni eshitmagandek tek turaverdi.
— Oʻtir, singlim, — dedi Bobomurod yumshoqroq ohangda. — Ertalabgacha dam olamiz shu yerda.

Ayol goʻyo shiyponni qimirlatib yubormay debmi, ehtiyotlik bilan qadam bosib chiqdi-da, nariroqqa borib choʻnqaydi.
— Endi men akangman. Endi sen xor boʻlmaysan. Sen ulardan ranjima. Ular oʻgʻrini odam oʻrnida koʻrishmaydi. Men esa, ularning oʻzlarini odam qatoriga qoʻshmayman.
— Men oʻgʻri emasman!

Sekingina aytilgan bu soʻz aslida qalbning portlashidan hosil boʻlgan nido edi. Bu uchtagina soʻz koʻp yillik gʻam-anduhlar zanjirini uzib tilga chiqqan edi. Bu gapni uyi oldida akasiga aytmoqchi edi. «Baribir ishonmaydi», deb aytmadi. Yangi akasiga aytdi. Qonsiz lablardan uchgan bu soʻzlarni Bobomurod eshitdi.
— Oʻgʻri emasligini bir qarashimdayoq bilganman, — dedi u. — Oʻgʻri boʻlganingda seni yetaklab yurmas edim, oʻzingni oʻzing eplarding. Sendan yashirmayman: men oʻgʻriman. Toʻgʻrirogʻi, oʻgʻri edim. Qamoqda ont ichdim: bu hunarni tashlayman. Mening bir oʻgʻlim bor, shu yurishim boʻlsa, uni baxtsiz qilib qoʻyaman. U yaxshi bola... endi u sening jiyaning. Sen hali yoshsan, singlim, hadeb siqilaverma. Siqilgan bilan birov senga rahm qilmaydi. Undan koʻra mazza qilib yashayverginu odamlarning gaplariga ham, qiliqlariga ham e’tibor berma. Oʻylab koʻr-chi, seni oʻgʻri deganlarning oʻzlari tozamikin? Agar tozasi shunaqa boʻlsa, nahs bosgani qanaqa boʻlarkin? Biz endi bir-birovimizga suyanib yashaymiz. Bu ham katta bir baxt. Dunyoda suyanchigʻi yoʻq yakka maxov odamlar tiqilib yotibdi.

Bobomurod shu gaplarni aytib ancha yengil tortdi. Ayol esa unga javob qaytarmadi.

Qorongʻi osmonga yulduzlar toshib, samo husnini bezadi. Bobomurod jagʻini tizzasiga tirab bu moʻ‘jizaga boqdi. Yulduzlar — sayyoralarmi yo katta-kichik samoviy jismlarmi — u bilmaydi. Unga ma’lumi — yulduz uchgani kimningdir jon uzilganidan nishona. Oʻali oʻzini tutolmay Akani oʻldirib qoʻysa hozir bitta yulduz uchgan boʻlarmidi... «Nahotki hammaning joni shu yulduzlarda boʻlsa, — deb oʻyladi u. — Nahotki iflos odamlarning ham joni shunday begʻubor, shunday pokiza osmonda boʻlsa. Bunaqa odamlarning joni hojatxonaga tashlansa, hojatxona ham bulgʻanadi... Yoʻ-oʻq, yulduzlar odamlarning joni emasdir. Balki... shu ayolga oʻxshab xoʻrlanganlarning koʻzlaridagi yosh osmonga uchib, yulduzlarga aylangandir... Qiziq... bu nima uchun yigʻlamaydi? Shuncha gapdan keyin ham yiQlamadi. Yigʻlasa boʻlardi, yengil tortardi...»
— Singlim, sen mendan tortinma, yiQlaging kelayotgan boʻlsa yigʻlayver. Erkak boʻlsam ham ba’zan yigʻlagim keladi...

Ayol javob bermadi.

Tun yarimlaganda Bobomurodning uyqusi keldi. Tizzasiga bosh qoʻyganicha mizgʻidi. Besh-oʻn daqiqadan soʻng choʻchib uygʻondi-da, «ketib qolmadimikin?» degan xavotirda Ayol tomon qaradi. Ayol toshdek qotib oʻtirardi. Bobomurod bir necha marta mizgʻidi. Har safar choʻchib uygʻonib, xavotirlangan tarzda Ayol tomon qarardi.

Tongni shu zaylda qarshi oldilar...

Oʻshandan beri Ayol shu uyda yashaydi. Omonullo uni dastlab koʻrganida «Otam u yoqlarda uylanibdi-da», deb oʻyladi. Soʻng boshqa-boshqa xonalarda yotishlarini bilib, muomalalarida er-xotinlik mehri yoʻqligini sezib, ajablandi. Otasidan «Kim bu?» deb soʻramadi. Bobomurod esa «Singlim», deb gapni qisqa qilib qoʻya qoldi. Ayolning «Biz uch kishi edik...» degan gaplarini eshitgach, qanaqa singil ekanini oʻzicha taxmin etdi. Taxmin notoʻgʻri ekanini keyinroq bildi. Bir kuni Bobomurod uning tiliga chiqarolmay yurgan barcha savollariga bira toʻla javob berdi:
— Men hammasini aniqladim: bu qiz bir nomardning qoʻliga tushib qolgan. Bir oʻgʻirlikni shu bechoraning boʻyniga qoʻyib yuborishgan. Tuhmat bilan ketgan. Hammasini aniqladim, hammasi hal boʻldi.

Omonullo:
— Nima hal boʻldi? — deb soʻraganida Bobomurod:
— Tuhmat qilganlar jazolarini oldilar. Bu pok ayol, istasang «amma» degin, istasang «opa» — degan edi.

Omonullo otasining koʻngliga qarab «opa» dedi. Ayolni har koʻrganida unga achinardi. Keyinchalik Ayolning rang-roʻyi yaxshi tomonga oʻzgardi. Chehrasida yoqimli nur ham paydo boʻldi. Lekin «Biz uch kishi edik...» boshlanganida betlari birdan qorayib, koʻzlaridan nur qochib xunuk holatga kelib qolar edi.

Bu Ayolning kelganiga oʻn ikki-oʻn uch yil boʻldimi yo undan oshdimi, Omonullo aniq eslolmaydi. Qamoqdaligida «oʻgʻlim, bundan bu yogʻiga faqat sen bilan birga boʻlaman», deb xatlar yoʻllagan odam Ayolning atrofida parvona boʻlishdan ortmay qoldi. Ayol koʻp gapirmasdi, ovoz chiqarib kulmasdi. Bir narsadan xursand boʻlsa salgina jilmayib qoʻyardi xalos. U jilmayganida Bobomurodning nazarida butun olam charogʻonlashib ketardi. Tundlashsa esa uning yuragi siqilib ketardi. Shunday paytlarda ba’zan «Hoy, gapirsangchi, soqov emassan-ku axir!» deb koyib ham berardi. Shunda Ayol zaifgina jilmayish hadya etib, uning koʻngligini ravshanlantirmoqchi boʻlardi.

Omonullo otasining bugungi kayfiyatidan sezdiki, Ayolning kasali shunchaki oʻtkinchi xastalik emas. Shu bois Omonullo «Otamga dalda boʻlar», deb bir oz gaplashib oʻtirmoqchi edi, Bobomurod unamadi. «Oʻrtogʻi bilan kelgan boʻlsa, hoynahoy biron yoqqa ketishayotgandir», degan xayolda «menga halaqit berasan», deb kuzatdi.

Qaynonasinikiga Safar ham kirib, bir-ikki piyola choy ichishgach, izlariga qaytishdi.
— Xafa boʻlmaginu ogʻayni, opangni koʻrsam yuragim siqilib ketadi, — dedi Safar mashinaga oʻtirgach.

Omonullo unga bir qaradi-yu, indamadi. Safarning bu ayolga achinganidan emas, irgangani uchun kirmaganini bilardi.

Ayol bu uyda paydo boʻlganida shu atrofda yashovchilarning ayrimlari undan hayiqishdi, ba’zilari esa irganishdi. Shu koʻchada, shu uyda tugʻilib unib-oʻsgan Bobomuroddan barcha hayiqardi. Qamoqdan qutulib kelib, keyin yana qamalib ketguniga qadar birov unga yurak yutib tik qaray olmasdi. Bobomurod bu mahallada birovning choʻpini olmagan, birovni chertmagan, birovni soʻkmagan boʻlsa-da, «oʻgʻri» degan nom bilan yurgani uchunoq hamma hayiqardi. Ayoldan hayiqishlariga sabab ham aynan shu edi. Ayol koʻchaga kam chiqardi. Chiqqan mahalida oʻziga xavotir bilan qarab turganlarini sezsa, jilmayishga harakat qilardi. Irganayotganlarini sezsa yuzini teskari burib olardi. Bir yili Omonullo Safar bilan kirganida opasi kasallik hurujidan endi holi boʻlib turgan payti ekan. Esi oʻziga qaytgani bilan rangidagi tundlik tarqamagan, parishon sochlarini tarashga hali ulgurmagan ekan. Oʻshanda Ayol Safarning qarashidanoq uning irganayotganini sezdi. Ular uyga kirib oʻtirishgach, xonasiga oʻtib oʻziga oro berdi. Soʻng dasturxon tuzadi. Choy quyib avval Bobomurodga, keyin Omonulloga uzatdi-da «oʻrtogʻingizga» deb pichirlab qoʻydi. Omonullo shundan soʻng Safarning irganganini ham fahmladi, opasining odatini ham bildi.

Oʻshandan beri ancha yillar oʻtdi. Safar bilan yana bir necha marta keldi. Oʻshandan beri Safar ostonaga qadar keladi-yu, ichkari kirmaydi. Har gal «yuragi siqilib ketishini» aytadi. Safar qanchalik yaxshi doʻst hisoblanmasin, mana shu kabi odatlari, kibrga bandaligi Omonulloga yoqmaydi. Ba’zilar doʻst tanlash imkoniyatiga ega boʻladilar. Ba’zilar esa boriga shukr qilib yuradilar. Omonullo ana shu ikkinchi toifaga mansub. Bolalar uyida orttirgan doʻstlari turli tomonlarga tarqab ketishdi. Ikkitasi xastalik tufayli, uchtasi esa jinoyatchilarga qoʻshilib qolib bu dunyoni tark etdi. Institutdagilar ham turli shaharlarda ishlashadi. Birining boʻsh vaqti ikkinchisiga toʻgʻri kelmagani uchun ham kam uchrashishadi. Oyda bir uchrashib turadigani — shu sinfdoshlari. Xudo unga sinfdoshlarni tanlab-tanlab bergan. Kibrli, xudbin, dardi mol-dunyo boʻlgan bolalarning bir sinfga qanday jamlanib qolganini Yaratgan bilmasa, bandasi bilolmaydi.

Bularning ichida xokisori ana shu Omonullo edi. Sinfdoshlar uni oshkora tarzda mensishmadi. Bular orasida faqat Safargina mehribon edi unga. Ota-onasi ham Omonullo kirguday boʻlsa koʻkragidan itarmay, oʻgʻlining suyumli mehmoni sifatida izzat qilishardi. Maktabni bitirgach, besh-olti yilmikin, sinfdoshlari bilan deyarli koʻrishmadi. Militsiyada ishlay boshlagach, ulardan birining ishi tushdi-yu, «gap» deb atalmish ziyofatga chorlanadigan boʻldi. Oʻshandan beri har oyning ikkinchi payshanbasida ular bilan «gap yeydi». Garchi ular bilan maktabda birga oʻqigan boʻlsa-da, oʻzining bu davraga begonaligini his qilib turadi. Ularning yashash tarzlari, dunyoqarashlari, fikrlarini hazm qila olmaydi. Ayniqsa keyingi paytlarda oʻzini tortishga bahona qidiradigan boʻlib qolgan. Davrada hol-ahvol soʻrashayotganida «bola-chaqalar omonmi?» deyilganida uning yuragi uvishadigan odat chiqargan. Oʻrtoqlari unga «xotining nega tugʻmayapti?» deb dashnom berishmasa ham shu savol koʻndalang turganday oʻngʻaysizlanaveradi. Ayrimlar beixtiyor ravishda, savolni kimga berayotganini, oqibati nima boʻlishini oʻylab koʻrmagan tarzda «bola-chaqalar qalay?» deyishganda Omonulloning yuragidan bir tomir uzilganday boʻlaveradi.

Hozir Omonullo ruhini temir iskanjaga oluvchi davra sari borardi. Safar oʻzi kelmay telefonda eslatganida bormaslikning chorasini topardi. Otasinikiga kelgunicha doʻstiga qitmirlik qilib, koʻnglini xushlamoqchi edi. Safarning «yuragi siqilganini» eshitib oʻzining ham koʻngli xufton pardasiga oʻrala boshladi. Tumtayib olmasa-da, gapirgisi kelmadi. Safar unga qarab-qarab qoʻyib:
— Mendan xafa boʻldingmi? — dedi uzrli ohangda.
— Sen xafa boʻlishga arziydigan odammassan, — dedi Omonullo zardali piching bilan.
— Xoʻp, hisob, — biru-bir. Arazlagan — oʻgʻri, — Safar shunday deb kaftini uzatdi. Omonullo ruhsiz holda shapati urib qoʻydi-da:
— Opam kasal ekanlar, — dedi. — Ertalab kirib oʻtamiz.
— Boʻpti, — dedi Safar jonlanib. — Zoʻr kabobning oʻgʻil bolasi mendan.
— Kabob yemasalar kerak. Reanimatsiyada ekanlar.
— Oʻzlari yemasalar doʻxtirlar yeyishadi. Doʻxtirlarning tomoQini yogʻlab tursang, yaxshiroq qarashadi. Oʻzingdan ibrat olmaysanmi? Doʻxtir nimayu milisa nima? Milisani moylamasang — qamoqqa joʻnatadi, doʻxtirni moylamasang, undan ham battar — narigi dunyoga joʻnatadi. — Aytgan gapi Safarning oʻziga xush yoqib, huzurlanib kuldi. — Gapim yoqmasa ham koʻngil uchun salgina tirjayib qoʻy, hey «kayfitang».

Yoʻlning qolgan qismi Safarning mazali-mazasiz, yoqimli-yoqimsiz hazillari bilan bosib oʻtildi. «Gap» deb atalmish ziyofatga barvaqtroq borib qolishgan ekan, Safar maqtagan pivoning «dodoxoʻjasi»ni ichib rohatlanib oʻtirishdi. Uy egasi paytdan foydalanib, oʻzini qiziqtirgan siyosiy masalalarni oydinlashtirish maqsadida Omonulloni gapga soldi:
— «Vremya»ni koʻrdingmi, Berlin devorlarini yiqitishibdi-ya! — dedi ajablangansimon. — Men bultur boruvdim oʻsha yerga. Zoʻr doʻkonlari bor edi. Ular ham ketganmikin?

Omonullo darrov javob bermadi. Pivoni simirib unga qarab oldi. Berlin devorlarining yiqilishidan, yarim asrdan ziyodroq ayri-ayri yashagan xalqning qoʻshilishidan dunyo nima tashvishda-yu, nima quvonchda? Buning gʻami esa devorga yaqin yerdagi mayda doʻkonlarda.
— Devorni nimaga buzishyapti, bilasanmi oʻzing?— dedi Omonullo gʻashlangan tarzda.
— gʻish-pishi kerak boʻlib qolgandir yo paxsa devor ekanmi? — dedi Safar qitmirlik bilan.
— Sen jim tur, — dedi uy egasi uni jerkib, keyin Omonulloga qarab yelka qisdi: — shunga hayronman. Tuppa-tuzuk baland devorlar edi.
— Kallani ishlat: oʻsha yerda koʻrgan doʻkonlaring kichiklik qilib qolibdi. Devorni buzib oʻrniga katta doʻkonlar qurishadi. Ikkita eshigi boʻladi. Bir tomondan gʻarbiy berlinliklar kiradi, ikkinchisidan sharqliklar.
— Gapni ham ezvorasan-da, a? Vey, milisa boʻlmasam ham u-buga aqlim yetadi. harbiy Berlinni uzoqdan boʻlsa ham koʻrganman. U yoqda zoʻr «importniy» mollar boʻlarkan. Ana endi boradigan boʻldi Berlinga.

Ulfatlar birin-sirin kelishib, «Berlin devori» masalasi surildi. Buning oʻrniga «besh yuz kun» deb nom olgan iqtisodiy reja muhokama qilinib, bu reja eski shahardagi goʻsht bozori talablariga javob berolmagani uchun inkor etilgach, somsalarni yeb, shoʻrvalarni ichishdi-yu:
— Qani, koʻmirxonaga oʻtdik,— degan taklif bilan dasturxondan picha uzoqlashib, uy burchagida davra qu-rishdi.

«Koʻmirxona» — qimor oʻynaladigan joy. Bir-biriga ahil, bir-biridan jonini ayamaydigan doʻstlar besh-oʻn tiyin tikishdan boshlab soʻmlarga oʻtadilar. «Koʻmirxona»da faoliyat boshlamay turib bir-birlarining hatto necha yuz soʻmlik qarzlaridan kechib yuboradigan mard, mehribonlar qimorda oʻn-yigirma tiyin ustida soʻkishib, yoqa boʻgʻishib ketadilar. «Gap»ga kechikibroq kelgan doʻstlariga «qalay, yaxshimisan?» deb, oʻtirgan yerlarida qoʻl uzatib qoʻya qoladilar. «Bola-chaqa yaxshimi?» deb hol-ahvol soʻrashga fursatlari ham, farosatlari ham yetmaydi. Omonullo qartaga usta boʻlgani uchun «koʻmirxona»dan umrbod badargʻa qilingan. Qaysidir yili Omonullo Moskvaga borganida toʻrtta bir xil koʻrinishdagi qarta toʻplami olib kelib, har bir toʻplamdagi «tuz»larni aralashtirib tashladi. Oʻttiz oltita qartada toʻrtta oʻrniga oʻn oltita «tuz» mavjudligini «koʻmirxona»dagilar keyinroq bilib qolishdi. Mana shu hazil bahona boʻlib Omonullo jazolandi — oʻyindan tamoman chetlashtirildi. U hatto birovga maslahat berish huquqidan ham mahrum edi.

Omonullo oʻyin qizimay turib Safar bilan ertalab uchrashishni kelishib oldi. Oʻyin «sen gʻirrom qilib yutyapsan», deydigan darajaga yetganda sekingina turib, chiqib ketdi.

Fitna (qotillikdan avvalroq sodir boʻlgan voqea)

Omonullo Berlin devorlari qismati haqida piching soʻzlarni aytayotgandan, oʻrtoqlari esa besh yuz kunga moʻljallangan iqtisodiy rejani inkor qilib oʻtirishgandanancha ilgari, tunda, qamoq lagerida bir fitnaga tayyorgarlik boshlangan edi.

Nuriddin oʻsha kuni uyidan maktub olib avval quvondi, keyin koʻngli choʻkdi. Maktubda dilga ogʻir botuvchi satrlar yoʻq edi. Qishloqdagi hammaning sihat-salomatligi haqida yozilib, oxirida «oʻrtogʻing Sherdor uylanyapti», degan xushxabar aytilgandi. Nuriddinning nazarida shu xushxabar botininda onasining armonlari yashiringanday boʻldi. Harbiyga ketayotgan paytida onasining ma’yus uzori yana koʻz oldida gavdalandi. Nuriddinni sakkizinchi sinfdan soʻng oʻqitishga qoʻllari kaltalik qildi. Harbiydan olib qolishga esa undan-da kaltalik qildi. Shunda ham noshukr boʻlmay, umid bilan kuzatgan edi. «Birortasini xushlab qolgan boʻlsang aytib ket, unashtirib qoʻyay, kelishing bilan, Xudo hohlasa, toʻy qilamiz», — degan edi. Nuriddinning hushlagani bor boʻlsa-da, onasiga dadil aytishga jur’ati yoʻq edi. Oʻrtoqlari birin-sirin uylanyapti. Har birining toʻyida onasining yarasi yangilanadi. Nuriddin onasining shu holatini koʻz oldiga keltirib, ezildi. Barcha uyquga ketganida ham u mijja qoqmay yotdi. Tun yarimlaganda mizgʻiganday boʻldi. Tush ham koʻrdi shekilli... Biroq, bu tushmi edi yo roʻyomi, farqlay olmadi. Nazarida koʻzlari ochiq edi. Darbadar toʻsatdan paydo boʻlmadi, barak eshigini ochib kirdi-da, taxtalarni gʻijirlatib yurib kelib, uning roʻparasida toʻxtadi. Ha, taxtalarning gʻijirlaganini aniq eshitdi.
— Ha, toy bola, uyqu kelmayaptimi?

Nuriddin ajablandi: uni kichikligida «toy bola», deb erkalashganini Darbadar qaydan bildi ekan?
— Sen bunda bedorsan, yurtda esa barcha gʻaflat uyqusidadir. Ozodlik istovchi qalblar muhrlangandir. Qalblarning qullikka moyil ekanini bilurmisan, boʻtam? Uygʻonish fursati kelganini anglayurmisan, boʻtam? Yurak qonlari ila Vatan bogʻin obod qilmoqni fahm etmasmisan, boʻtam?

Darbadar savollar berdi-yu, nechundir javob kutmadi. Balki Nuriddinning bu savollarga javob qaytarmogʻiga aqli qosir ekanini bildimi ekan? U taxtalarni gʻijirlatib yurib kelgan edi, turgan yerida tutunga aylandiyu shipga koʻtarilib koʻzdan yoʻqoldi. Nuriddin bu sir-sinoatni tushunolmay garang boʻlib yotganida mahbuslardan biri unga yaqinlashib, yelkasidan asta turtdi-da, «tashqariga chiq, kutishyapti», deb tezgina iziga qaytdi. Nuriddin bu yerda «kim chaqir-yapti, nima uchun?» degan savol berilmasligini bilgani sababli indamadi. Bu yerlarda chaqirildingmi, bas, chiqishga majbursan. Yaxshilik bilan chaqirilgan boʻlsang, yaxshilik bilan qaytasan, tongni oʻz oʻrningda qarshilaysan. Yomonlik qasdida chorlangan boʻlsang, toʻshaging yetim qoladi.

Nuriddin bir necha daqiqa harakatsiz yotgach, qaddini koʻtardi. Barakdan sal narida, maydon chekkasidagi daraxtga suyanib sigaret tutatayotgan Tengizni tanib, xavotirsiz ravishda oʻsha tomon yurdi.
— Ha, Hamzat, — dedi Tengiz uning salomiga alik olib, — uyqungni harom qildimmi?
— Yoʻq, uyqum kelmay yotuvdim, — dedi Nuriddin.
— Odamning koʻngli sezgir boʻladi, yomonlikni tez payqaydi.
— Yomonlikni? Qanaqa yomonlikni?
— Bu yoqqa yur, — Tengiz shunday deb uni barakning chiroq nuri tushmaydigan qorongʻu tomoniga boshladi. — Bir fitna tayyorlanyapti. Yomonlikni bizning qoʻlimiz bilan amalga oshirishmoqchi.
— Birovni oʻldirish kerakmi?
— Birovni oʻldirish uchun bosh qotirib fitna yasash shart emas. Bir janjalning uyasini kavlab berishimiz kerak.
— «Biz» deganingiz kim?
— Sen, men, mening atrofimdagilar, yana besh-oltita ahmaq. Bir-ikki kun ichida Yanis amakingga oʻxshab Boltiq boʻylaridan kelganlar yoppasiga doʻpposlanishi kerak. Ular ham kaltak yeyishlari kerak, ham janjal boshlagan, degan aybni boʻyinlariga olishlari shart. Balki biz tomondan odamlar yaralanar, balki oʻlar. Menga aniq aytishmagan boʻlsa ham koʻnglim shuni sezib turibdi. Agar koʻnglim aldamasa, odam oʻldirilsa, eng avvalida Yanis amaking ketadi.

Tengiz «Yanis amaking» deb aytayotgan odam bilan Nuriddin koʻpincha birga ishlardi. Tursunalidan bezib, uzoqlashgan paytda unga shu muloyim odam bilan sherik boʻlib ishlash ma’qul kelib qolgan edi. Yoshi oltmishdan oshib, kuchdan qolgan, ba’zan xastalik huruj qilganda azob chekuvchi bu odam oʻzini mehnatdan olib qochmasdi. Imkoni boricha oʻz vazifasini bajarishga intilardi. Nuriddin koʻmaklashmoqchi boʻlganida «har kim oʻz aravasini oʻzi tortishi kerak», deb unamas edi. Ana shu beozor odam nima gunoh qilibdi-ki, uni doʻpposlashsa, soʻng esa «qotil» degan tuhmat bilan ayblashsa...
— Gapimga tushunmading-a? — dedi Tengiz. — Sen juda xomsan, bola. Ha, xomsan! Yanis amaking nima uchun qamalgan, bilasanmi?
— Ha, ishxonasida elektr choynakdan oʻt chiqqan ekan...
— Bu bir bahona, Hamzat. Yanis amaking aslida siyosiy mahbus. Lekin bizning «erkin va ulugʻ» Sovetlar mamlakatidan siyosiy qarashlar uchun qamash mumkin emas. Uning tajribaxonasiga oʻt qoʻyishib, tuhmat bilan qamashgan. Aslida u zoʻr fizik olim boʻlgan. Vatanini ruslar bosib olganini ochiq aytgan, xalqini ozodlik yurishiga da’vat etgan. Mana, sening ham, mening ham yurtimni ruslar bosib olishgan. Biz shuni ochiq ayta olamizmi? Yoʻq. Mayli, men bir oʻgʻriman, bunaqa gaplarga aqlim yetmas. Sen ham gʻoʻrsan, yoshsan, ilmi yoʻq bir qovoq kallasan. Seni ham ayblab boʻlmaydi. Lekin olimman, zoʻrman, deb kerilib yurganlarimiz aytishadimi? Yo xalqiga yuzlanib, turlaring, ozodlik uchun kurashlaring, deydimi? Shuning uchun ham Yanis amakingni hurmat qilaman. Hozir Moskvada Yanisga oʻxshaganlar rus hukumati bilan teppa-teng olishadigan boʻlib qolishgan. Nazarimda ular siyosiy mahbuslarini ozod etishni talab qilishyapti. Bu hukumatni chaqayotgan eng muhim narsa — ular Sovet Ittifoqidan ajralib chiqay deb turishibdi. Moskva endi ularni shirin yolgʻonlari bilan ushlab turolmaydi. Fitnasiz ish bitirishi qiyin. Shuning uchun hamma yerda har turli fitnalar koʻtarishga buyruq kelganga oʻxshaydi. Bu yerdagi fitna bizning qoʻlimiz bilan boʻladi.
— Koʻnmasakchi? Ur, desa uraveramizmi? Oʻgʻrilarning or-nomusiga toʻgʻri kelmaydi-ku, bu? Siz tomondan xoinlik boʻlmaydimi?
— Bu gaplarni qoʻy, Hamzat. Oʻgʻrilar hech qachon bularga xizmat qilmagan va qilmaydi ham. Gap yanislarning taqdiri ustida ketyapti. Ularni urmasak boʻlmaydi.
— Nega? — Nuriddin ajablanganidan ovozini bir parda koʻtarganini oʻzi ham sezmay qoldi.
— Baqirma, — dedi Tengiz yelkasini mushtlab. — Aqlingni ishlat: biz urmasak, boshqalar oʻladigan qilib uradi. Avval menga topshirishdi bu ishni. Keyin Koshakni ham chaqirishdi. Unga nima deyishgani noma’lum. Agar yoʻq, desak payimizga tushishadi. Men-ku, bundan qoʻrqmayman, sendan havotirdaman. Erta-indin muddati tugaydigan ahmaqlar bilan Koshak ishga kirishguday boʻlsa, yomon qiladi. Shuning uchun seni chaqirib aytishsa, haqiqat talashma, jigʻiga tegma. «Yaxshi boʻldi, qoʻlim qichib turuvdi», deb qoʻya qol. Urush chiqsa sen Yanis amakingni urasan. Unga tayinlab qoʻy, u boshqalarga aytsin, olishib, mushtlashib yurishmasin, qoʻllariga hatto temir qoshiq ham olishmasin. Faqat oʻzlarini himoya qilishsin, boshlari bilan biqinlarini ehtiyot qilishsin. Oʻzing ham ehtiyot boʻl. Ola-tasirda Koshakka oʻxshagan bir ahmaq sengami yo mengami pichoq tiqvolishi mumkin. Angladingmi? Bor, endi uxla.

Shu gaplardan keyin odamning uyqusi kelar ekanmi? Nuriddin bir toʻp chaqirtikanak ustida yalangʻoch yotganday qiynalib chiqdi. Siyosat bobida ongi past darajada boʻlgan bu yigit qamoqdagi bir keksa odamning Moskvadagi hukumatga qanday yomonlik qilishi mumkinligini bilolmay garang edi. Har qanday raqib uchun, ayniqsa siyosiy muxolif uchun odamning jismigina emas, balki fikri, ruhi ham xavfli ekanini anglash martabasiga yetmagan edi. Buni Darbadar tushunishi mumkin edi. U yoʻqlik dunyosida, fikrlari esa muhojirot tuproqlariga singganicha qoldi. Faryod-larini togʻu toshlar bagʻriga ololmadi, koʻzlaridan oqqan alamli yoshlardan zamin seskandi.

Nuriddin Darbadar bilan Yanis taqdirida oʻxshashlik topmadi. Zohiran shunday, u haq edi. Biroq qalblar yarasi ikkovida birday edi. Darbadar «Oh, Vatan!» deb jon berdi. Yanis ham shu qalb faryodi bilan bu azoblarga yoʻliqdi. Endi esa yana bir doʻzax azobiga hukm qilinib turibdi.

Nuriddinning izidan qarab qolgan Tengiz barakka, yotar joyiga kirmadi. Qamoq lagerining hamma uchun majbur boʻlgan qat’iy qoidalariga amal qilmaslik uning odatiy holi edi. Faqat oʻzi emas, balki uning iltifotiga sazovor boʻlganlar ham bu qoidalarni buzishga haqli edilar. Ana shuning uchun ham Nuriddin tunda barakdan, kunduzi esa ish joyidan nari ketsa birov tanbeh bermasdi. Tengizning oʻziga-ku bu yer nomigagina qamoq edi. U «oʻziga xon, oʻziga bek» boʻlsa-da, bosar tusarini bilmay qadam bosmasdi. Qamoq lageri hojalariga boʻysunmaganday yursa-da, ular tomondan tasodifiy zarbani kutib yashardi. Bu oqshom Yanislarga uyushtirilayotgan fitna uni sergak torttirdi. Qamoq lageri boshligʻining muovini chaynalib, gapni aylantirdi. «Yuqoridan buyruq kelganini, bajarishga majbur ekanini» afsus bilan aytdi. Aslida «yanislarga hech bir da’vosi yoʻqligini» bildirib qoʻyishni ham unutmadi.

Tengiz yuqoridan buyruq kelgach, bu bechoralarning bajarishga mahkum ekanliklarini yaxshi bilardi. Shuning barobarinda «ulugʻ ogʻalar»ning kichikroq xalqlar vakillariga zugʻum qilishdan lazzat olishlari ham ma’lum unga. Yanislarga qarshi fitnani ular afsus bilan emas, bil’aks, rohat bilan, bajonidil bajaradilar. Agar bu buyruq oʻzlarinikiga nisbatan boʻlsami, chindan ham afsusda qolishlari muqarrar.

«Bugun — yanislar, ertaga kimlar? — deb oʻyladi Tengiz, — balki mendirman, balki ozarbayjonlar...»

«Tengiz oʻlimdan qoʻrqmaydigan mard oʻgʻridir», demoqlik ta’rifning koʻpigidir. Chunki odamga, oʻgʻrimi yo toʻgʻrimi, farqi yoʻq — jon shirin! Qamoqdami yo erkinlikdami, yigitmi yo cholmi, farqsiz oʻlaroq, yashagisi kelaveradi. Qamoq lageri rahbariyatining iltimosini qabul qilishi, Nuriddin aytganidek, u uchun isnod edi. Halollik ila mulohaza qilinsa Murik bilan uning orasida farq chegarasi sezilmas edi. Tengiz buni bilgani uchun ham, boshqa chorasi boʻlmagani uchun ham oʻzicha ezildi. Bu masalani «politbyuro»ga qoʻygan taqdirda ham «blatkomitet»ning ma’qullashi aniq edi. Ular buni «hukumatga xizmat qilish» emas, «oʻgʻrilar olamini dahlsiz saqlab qolish» deb ta’riflagan boʻlishardi. Bu shunday gʻalati olamki, uni bir qal’a tasavvur etilsa, kiraverishidagi ark peshtoqiga «Harna qilsang qilaver, va ijozatimizsiz hech narsa qilishing mumkin emas», degan shior yozib qoʻysa ham boʻlardi. Bu olam arki juda hashamatli, fusunkor. Bokira qiz kabi oʻziga chorlaydi. Qizning husnidan bahramand boʻlaman, kiramanu chiqaman, degan xushtor odam esa yanglishadi. Chunki bu bokira koʻrinishidagi olam eshigi bittagina. Kirmoq boru, oʻz oyoqlari bilan yurib chiqmoq yoʻq. Ortga faqat tobut ichida qaytiladi.

Tengiz bu haqiqatni avvaldan bilardi. Bu olam uning koʻzlariga bokira boʻlib koʻrinmagan. U bor fasodlarini, mavjud botqogʻu balchiqlarini bilgani holda qadam qoʻygan bu olamga. «Bir boshga — bir oʻlim boʻlgach, qaerda va qanday holatda jon berishning nima farqi bor? Eng muhimi — dunyodan koʻngling talab qilgan darajada lazzatlanasan, dunyodan oʻzing istagancha qasos olasan». Tengiz kashf etgan falsafa magʻzi shu edi. Ammo bu «falsafa»ga zid oʻlaroq, koʻngil oʻtmish hayotini qoʻmsab turardi. Shunda u ikki kemaga ikki oyoQini qoʻyganday his etadi oʻzini. Bu holatda uzoq suza olmasligini, gʻarq boʻlajagini biladi. Bilsa-da, holatini oʻzgartirmoqni istamaydi.

Tengiz kimsasiz maydon chetida junjikkanday qunishib turdi-da, toʻrtinchi barakka borib, Koshakni chaqirtirdi. Koshak maykachan chiqib, Tengizga yaqinlashgach ogʻzini baralla ochib esnadi. Dimogʻidan ufurilgan qoʻlansa hiddan Tengiz aftini burishtirdi. «Xoʻjayin boʻktirib ichiribdi-da», deb oʻylab gʻashlandi.
— Nima deysan, Knyaz? — dedi Koshak junjikib.
— «Enze»1dan ol, uyqu qochdi, — dedi Tengiz ham homuza tortib.

Koshak «menda yoʻq», demoqchi boʻldi-yu, Tengizning oʻtkir nigohiga qarshi bora olmay, ichkariga qaytdi-da, uch kesim kolbasa bilan yarmi ichilgan aroq shishani koʻtarib chiqdi. Tengiz chindan ham ichgisi kelayotgan odam kabi shishani uning qoʻlidan tortib olib koʻtardi. Koshak uzatgan kolbasani olmay «kuf» degach, labini kafti bilan artib qoʻydi.
— Koshak, koʻngil Sochini, Yaltani qoʻmsayapti. Dengiz... Sohil... Jononlar... restoranlar... — Tengiz shunday deb yana ikki qultum ichdi.

Shu turganicha aroqni asta-sekin ichib boʻshatish asnosida gapni chuvaladi. Koshak chaqirilgan zahotiyoq «Knyaz xoʻjayinlarning gapini soʻraydi», deb gumon qilgan edi. Biroq uning kutgani boʻlmadi: Tengiz chaqiruv sababini soʻramadi. Aroq koʻngil taftini bosganday boʻlgach, xayrlashib, oʻzi yotadigan barakka qarab ketdi.

U Nuriddin kabi uxlay olmay qiynalmadi. Aroqning quvvati allalaganday boʻlib, kipriklariga uyqu qoʻna qoldi.

Nuriddin ertasi kuni chekish bahonasida dam ola-yotgan Yanisni kutilajak ofatdan xabardor etdi. Yanis Nuriddin kutganidek sapchib tushmadi, Gʻazablanmadi ham. Shimolliklarga xos sovuqqonlik bilan oʻzgarishsiz oʻtiraverdi. Nuriddin bu fitnada oʻzining ishtirok etishi mumkinligini aytmadi. Aksincha:
— Siz xafa boʻlmang, biz sizni himoya qilamiz, — deb uning koʻngliga dalda bergisi keldi. Bu shunchaki manzirat emas, yigit qalbining ahdi edi. Uyqusiz kechgan tun uni shu qaror bilan tongga yetkazgan edi. Tengizning ogohlantirishiga qaramay, shu maqsadda toʻxtaldi.
— Yoʻq, Nuriddin, kerakmas,— dedi Yanis,— qamoqda har bir odam oʻzini oʻzi himoya qilishi kerak.
— Odam odamga boʻri boʻlib yashashi kerak, demoqchimisiz?
— Boʻrimi...— Yanis shunday deb kulimsiradi. Uning bu nim kulgusi quvonch yeli bilan emas, afsus shamoli bilan uygʻongan edi. — Boʻrilarni kamsitma, Nuriddin, agar odamlarda boʻri tuygʻusi boʻlsaydi, odam boshqacha yashardi.

Nuriddin Yanisning bu gaplarini fahm etmadi, tushunmaganini yashirmay soʻradi:
— Odamlar boʻriga oʻxshasa deysizmi?
— Ha, boʻriga oʻxshasa... Boʻrilar odamlar kabi bir-birlarini gʻajimaydilar. Ular ahil yashaydilar. Ular ozodliklarini hech nimaga alishmaydilar. Bunday ahillik, bunday magʻrurlik boshqa hech bir jonzotda yoʻq. Sen tsirkda boʻrini oʻynatganlarini hech koʻrganmisan? Ha, koʻrmagansan. Fildan tortib ilongacha bir luqma ovqat uchun insonlarga masxara boʻladi. Faqatgina boʻri boʻysunmaydi. Sen turkiylardansan. Ajdodlaring e’tiqod qilgan ramz nima boʻlgan, bilasanmi?

Nuriddin aybdor odam kabi nigohini olib qochib, yelka qisib qoʻya qoldi.

  

— Qurt, ya’ni boʻri. Turkiylar bayrogʻida boʻri tasviri boʻlgan, deb eshitganman. Turkiylar qadimda shunday erksevar boʻlgan ekanlar. E, u zamonlar oʻtib ketdi. — Yanis shunday deb xoʻrsindi. — Biz ham ozodlik sevuchi xalqmiz. Men bu qamoqni nazarda tutayotganim yoʻq. Meningda, seningda vataning ulkan bir qamoqqa aylantirilgan. Bizlarning yurtdoshlarimiz esa tutqunlar. Mening xalqim tutqunlikka koʻnikib yashaydigan toifadan emas. Sen hozir «Yanis amakimga yangilik aytdim», deb oʻylayapsanmi? Men shunday boʻlishini kutardim. Bugun boʻlmasa ertaga albatta qilishardi shu ishni. Seni boʻlmasa boshqalarni yollashardi. Nafsga qul boʻlganlar ozmi bu dunyoda?
— Men yollanganim yoʻq, — Nuriddin shunday dedi-yu, ammo unga tik qaray olmadi.
— Men shunchaki misol tariqasida aytyapman. Sen bilan biz ikki tomonlama mahkummiz. Bundan qutularmiz, biroq Vatan tutqunligichi? Sen «bularni nima uchun qiynasharkin?» deb garang boʻlayotgandirsan? Bilib qoʻy: biz uchun dunyoda eng shirin soʻz — ozodlik! Ular shu soʻzni aytuvchi tillarni kesadilar. Erkin nurga tashna koʻzlarni oʻyib oladilar. Bunga ajablanmaslik kerak. Axir sen mol soʻygan qassobga qarab ajablanmaysan-ku? Nuriddin, sen hali yoshsan, koʻp narsalarga tushunmaysan. Tutqunlikda tugʻilganing uchun koʻzlaringni ocha olmaysan. Men esam vatanimning qanday tutqun boʻlishini oʻz koʻzlarim bilan koʻrdim. Bir tasavvur qilgin-a, qassob oʻz onangni koʻz oldingda boʻgʻizlasa... Men ana shunday odamman. Oʻlganimdan soʻng yuragimni tilib, ochishsa, qon oʻrnida zardob koʻrishadi. Sizlar buni taqdir deysizlar. Biz esa bunga murosa qila olmaymiz. Men, agar bilsang, shu azoblarga duch kelganimdan xursandman. Uyida qorin gʻamida yotgan tuygʻusiz odam qatoriga tushib qolmaganimdan quvonaman. Oʻlib ketsam ham ranjimayman, axir ruhim ozod tarzda qoladi-ku? Agar mening oʻlimim vatanim ozodlik onlarini bir daqiqaga ham yaqinlashtira olsa ming-million martabalab qayta-qayta oʻlib berishga roziman. Agar bilsang, yer yuzidagi hamma jonzotlar oʻz uyasini qadrlaydi, himoya qiladi. Biz esa... shularchalik ham emasmiz, mening armonim shu xalos. Ovqat yeyishni bilamiz, kiyinishni bilamiz, maishatni bilamiz, chiroyli soʻzlashga ustamiz, ammo Vatan qadrini bilmaymiz. Uyimizga oʻgʻri tushsa dod solamiz, Vatanni talasalar indamaymiz. Sen bularni tushungin, Nuriddin. Bu yerdan chiqib borganingdan keyin sen ham qorin gʻamiga tushib qolmagin. Ular bizlarni xuddi tramvay kabi oʻz izlaridan yurmogʻimizni, ular istagan yerda toʻxtab oʻtmogʻimizni xohlaydilar. Biz tramvay emas, unutma, bizlar erkin qushlarmiz. Qani edi, burgut boʻla olsak...

Nuriddin bu gaplarni eshitib, ajablandi. Bugunmi yo erta-indinmi boshiga kulfat yogʻilay deb turgan odam oʻz qaygʻusini oʻylamay, shu gaplarni aytib oʻtirsa. Kulfatni tik turib qarshi olish — mutelikmi yo mardlikmi? Alhol Nuriddin bu savolga javob topa olmadi. Shundan soʻng qoʻli ishda, xayoli esa Yanisda boʻldi. Oʻzi istamasa-da, beixtiyor ravishda unga tez-tez qarayverdi. Nuriddinning holatini anglagan Yanis sir boy bermay, sovuqqonlik odatiga xilof qilmagan tarzda ishi bilan mashgʻul boʻlaverdi. Yana bir chekish bahonasida hordiq chiqarishayotganda:
— Sharqliklarning juda zoʻr hikoyasi bor, aytaymi, eshitasanmi? — deb qoldi. Nuriddin Yanisning indamay ishlayotganidan siqila boshlagan, hozir hikoya aytadimi yo boshqa bir balonimi, unga farqsiz, sherigi gapirsa bas edi. Shu bois «ayting», deb darrov koʻna qoldi.
— Taqdir degan bir odamning fahm-farosatda tengi yoʻq, oqila va goʻzal qizi bor ekan. Taqdir qiziga qarab: «Aql, Davlat va Umid degan uch odamdan sovchi kelyapti, qaysi biriga rozi boʻlasan?» deb soʻrabdi. Shunda qiz: «Dada, aql — insondagi eng ulugʻ fazilatdir, Aqlga suyanib turib doʻstni dushmandan, hushyorni devonadan farqlash mumkin. Lekin aqlning bir aybi bor: kishini chalgʻitib, xatarli yoʻllarga solib qoʻyishi mumkin. Davlat esa ham ishbilarmon, ham hukmdordir. Lekin Davlat hech qachon, hech kimga vafo qilmaydi. Men Umidni ixtiyor qilaman. Chunki Umid hech qachon Insonga xiyonat qilmaydi, undan ajralmaydi. Butun jahon undan manfaatdor», degan ekan. Biz ham oʻsha Taqdirning dono qiziga oʻxshab Umidni tanlasak, adashmaymiz.

Yanisning bu gaplari Nuriddinga qiziqarli, ayni damda sirli tuyuldi. Shu sababli yana qaytarishni iltimos qildi. Yanis ensasi qotmasdan, bu safar soddaroq qilib tushuntirdi. Garchi u Taqdirning dono qizi kabi Umidni tanladim, degan boʻlsa-da, aslida oʻzi birdaniga ikki erni ixtiyor qilgan qiz kabi edi. U Umiddan avval Aqlni tanlagan edi. Aql uni shu holatga soldi, endi esa «koʻz ochib koʻrganim — Umid», deb oʻtiribdi.

Oila

Eshik qoʻngʻirogʻining asabiy jiringlashidan uygʻongan Omonullo darrov soatiga qaradi. Telefon ishlamay qolgan kezlari hamkasblari yarim kechami yo erta tongmi, chaqirib kelaverishardi. U oʻzi ishlaydigan sohada vaqtida hordiq chiqarish yoki bayramlarda dam olish yoʻqligiga allaqachon koʻnikib ketgan. Qatorasiga ikki kun uxlamay, endi koʻzi ilinganda chorlashganida ham indamay turib ketishga odatlangan. Hozir ham tezda kiyinib, eshikni ochdi-yu, Safarni koʻrib, ajablandi:
— Ha, soʻfi tahorat qilmay kelibsan? — dedi norozi ohangda.
— «Koʻmirxona»dan endi turdik. Oʻyin ja-a qizib ketdi. Uyga bormay, toʻgʻri senikiga kelaverdim, — Safar shunday deb, taklifni kutmayoq ostona hatlab ichkari kirdi. — Sen ham erkaklarga oʻxshab «gap»ning oxirigacha oʻtirsang, billalashib kelardik.
— Agar «gap»da oʻtirishlaring hisobga olinmasa senlarning erkak ekanliklaringni bilib ham boʻlmaydi, — Omonullo shunday deb yuvinish maqsadi-da yon tomon oʻtdi.
— Menga qara, hov erkak, — dedi Safar, — ma, kalitni ol, xohlasang men uyingda yota qolaman, rayoningga oʻzing borib kel.
— Birga boramiz, — dedi Omonullo. — Meni himoya qilasan. Mabodo seni ham oʻldirib qoʻyishsa, bahonada bitta medalli boʻlib ketasan bu dunyodan.
— Sen uchun oʻlish biz uchun sharaf, okasi, — dedi Safar, kinoyaga kinoya bilan javob berib. — Oʻlishdan oldin bir uxlab olmasam boʻlmaydi. Men mashinada yotaman, uygʻotma. Qogʻoz xaltaga u-bu solib berishgan. Xohlasang, ye-ich.

Omonullo yuvinib, yengil tamaddi qilib olgach, koʻchaga chiqdi. Orqa oʻrindiqda ikki buklanib yotgan Safarning hurragini tashqaridan ham bemalol eshitish mumkin edi. Mashina oʻrnidan siljigach, u bir silkinib, koʻzlarini yarim ochib qarab qoʻydi-yu, uyquni kelgan yeridan davom ettiraverdi.

Safarning bu qadar barvaqt kelishi, orqa oʻrindiqda uxlab yotishi Omonullo uchun ma’qul keldi. Safar koʻngliga yaqin doʻsti boʻlsa-da, uning ba’zida meyoridan oʻtuvchi safsatalari me’dasiga tegib ketardi. U kasalxonaga oʻtib, tutingan otasining uyqusizlikdan kirtayib, qizargan koʻzlaridan opasining ahvoli uncha yaxshi emasligini tushundi. Kechki payt yana xabar olishini aytib, Matluba Toʻxtaeva bilan uchrashish niyatida choʻlga qarab yoʻl oldi.

Koʻchada harakat siyrak boʻlgani uchun mashinani yeldek uchirdi. U Matluba bilan boʻlajak uchrashuvni, berajak savollarini xayolida yana bir pishirib olgach, kechagi uchrashuvni beixtiyor tarzda esladi. Omonullo Adolatni kuzatib qoʻygach, doktiloskopist bilan suhbatlashib, ayrim narsalarni yanada aniqlab oldi-da, Samandar Ochilovning birinchi xotini bilan uchrashishga otlandi. Mels Xoʻjaev yozib bergan manzilga borib qoʻnQiroq tugmasini bosdi. Eshikni qorachadan kelgan, yuzlari loʻppi, koʻzlari kulib turuvchi istarali ayol ochdi. Pastga tushishga harakat qilayotgan jingalak sochli shiringina oʻQilchasini baQriga mahkam bosganicha kutilmagan mehmonga «Keling?» deb savol nazari bilan qaradi. Omonullo oʻzini tanitgach, «adamiz uyda yoʻq edilar», dedi uzrli ohangda. Omonullo uyga kirmoqqa ijozat yoʻqligini anglab, ostonada gaplashib qoʻya qoldi. Samandarning birinchi xotini tabiatan kamgapmidi yo savol-javoblarga hushi boʻlmadimi — Omonullo bilolmadi. Ayoldan ishga asqotadigan yangi gap ham ololmadi. Ajralishganlaridan soʻng bir yil oʻtgach turmush qurgan ayol birinchi erini oʻshandan beri koʻrmagan, uylanganini eshitmagan ham edi. Ajralishi sababini esa bir oz qiynalibroq aytdi. «Farzandsizlikdan...» — deb yerga qaradi. Omonullo «Ochilov farzand koʻrolmaydigan erkak ekanmi?» deb oʻyladi. Bu oʻyni oʻqigandek ayol unga izoh berdi: «Farzand koʻrishdan qoʻrqardilar... Urush boʻlib qolsa bolalar azoblanadi, deb choʻchirdilar. Xayollarida ertami indinmi urush boshlanib, hamma yoqni atom bomba bosadigandek edi.

Birinchi homilamni olib tashlattirmoqchi boʻldilar. Men unamadim. Tugʻilganida xursand boʻldilar baribir. Lekin... xavotirlari koʻtarilmadi... Bolamizning umri qisqa ekan, atom bombasiz ham bizni tashlab ketdi... Keyin shu masalada baribir chiqisha olmadik. Oʻzlari juda yaxshi odamlar, chivinga ham ozor bermaydilar... Lekin xayollari gʻalati...»

Omonullo xayrlashib qaytar mahalida ham bu gaplarni koʻp oʻyladi. Bunaqa toifani uchratmagani uchun Samandarning qiligʻiga sira tushunmadi.

Hozir choʻlga, Matluba bilan uchrashuvga oshiqayotgan damda ham kechagi suhbatini eslab, tushunishga urindi — uddasidan chiqolmadi...

Safar to manzilga qadar, toʻgʻrirogʻi, mashina qishloqning notekis koʻchalariga kirib chayqala boshlagunga qadar uyQonmadi. Avval depara vakili bilan kelgan Omonullo Matlubaning uyini qiynalmay topib bordi.

Maktabga otlangan bolalarini kuzatib chiqqan Matluba yonginasida toʻxtagan mashinaga xavotir bilan qaradi. Keyingi oylar ichi uning yuragi qush hadigi bilan uradigan boʻlib qolgan edi. Hovlidagi musichalar bexos patillab urishib ketsa ham, tomdagi mushuklar miyovlab, tunukalarni taraqlatib yugurib qolishsa ham, qoʻshnining eshagi hangrab yuborsa ham bir titrab olardi. Bemahalda koʻchadan mashina ovozi kelsa «iloyim toʻxtamasin», deb yurak yutib oʻtirardi. Mashina toʻxtaguday boʻlsa, yuragi ham urishdan toʻxtaganday boʻlardi. Bu tun koʻchalaridan ikki marta mashina oʻtib uyqulari oʻchib ketgan edi. Oʻsha vahmdan qutulmay turib, yonginasida shaharning mashinasi toʻxtadi-yu, rosmanasiga choʻchitib yubordi.

Omonullo eshik ogʻzida turgan Matlubaga oʻzini tanitishga ulgurmay, Safar ham mashinadan tushib, unga yaqinlashdi. Dumaloqdan kelgan, jingalak sochli, boʻyniga ham, oʻng bilagiga ham tilla zanjir osib olgan Safarga Matluba xavotir bilan qaradi. Safar uning xavotirli nigohini anglamay, tomdan tarasha tushgani kabi:
— Opa, xojatxona qaerda? — deb soʻradi.

Omonullo doʻstining befarosatligidan ranjib, unga norozi qiyofada qarab oldi-da, Matlubaga uzrli ohangda:
— Bu mening ogʻaynim, uzoq yoʻlda hamroh boʻlib keldi, — dedi.

Matluba «Milisaning oʻrtogʻi shunaqa boʻladimi?» deganday Safarga yana bir qarab olib, hovlisi tomon chekindi-da, etak tomonni imlab koʻrsatdi.
— Avvalgi kuni ham kelgan edim, yoʻq ekansiz? — dedi Omonullo.
— Oʻa, ha, eshitdim kelib-ketganingizni. Men... shaharda edim. Dadamning marosimlari bor edi.

Omonullo Adolatning soʻzlarini eslab «Rostmi?» deganday qarab turaverdi.
— Keling, ichkari kiring, — Matluba shunday deb ayvon sari yoʻl boshladi.

Omonullo liqillab turgan, ammo bitta odamni koʻtarishga yaraydigan stulga omonat oʻtirdi. Ikkinchi stulni Matluba egallab, qaynonasi oldida mulzam boʻlgan kelin kabi boshini quyi egib, barmoqlariga tikilib qoldi. Omonullo esa atrofga shoshqich razm solib «direktorning uyi obodroq boʻlardi, mulkini musodara qilishganmi yo berkitib ulgurishganmi?» deb oʻylab qoʻydi.
— Akamdan xat-xabar bormi, tinchmilar? — Omonullo oʻzining nima maqsadda kelganini bildirib qoʻyish uchun gapni shunday boshladi. Matluba esa «militsiya bekorga surishtirmaydi», degan xavotir bilan titroq ovozda:
— Kimni soʻrayapsiz? — dedi.
— Xoʻjayiningizni soʻrayapman, — dedi Omonullo yanada samimiy ohangda.
— Xoʻjayinimning yana chala ishlari qolgan ekanmi? — Matluba shunday deb unga oʻgʻrincha qarab oldi. — Qamasalaring ham tinch qoʻymas ekansizlar-da, a?

Omonullo Adolatning gaplarini eslab:
— Mendan oldin ham soʻrab kelishuvdimi? Kim edi, qachon keldi, nimaga kelishdi? — deb soʻradi.

Matluba unga yalt etib qaradi-da, «atay sinash uchun soʻrayapsizmi, rostdan bilmaysizmi?» degan savol muhrlangan nigohini unga qadadi. Matluba soʻnggi tintuvda «yuragim yorilib oʻlib qolsam kerak», deb oʻylagan edi. Dastlab koʻringanda nafratini qoʻzgʻotgan Xursanali oʻshanda joniga oro kirgandi...

... Oʻshanda bolalari endigina uyquga yotishgan edi. Koʻchada, ularning darvozalari yonida mashina toʻxtadi, ammo motori oʻchirilmadi — Qirillab turaverdi. Jingʻiroq ishlamas edi, mashinadan tushgan odam darvozani qattiq taqillatdi. Matluba oʻrnidan turib tashqariga chiqishni ham, chiqmaslikni ham bilmay turganda tashqaridan «Matluba!» — degan ovoz keldi. Matluba ovoz egasini tanib, ham yengillik, ham xavotir bilan oʻrnidan turdi. Tashqarida sovuq izgʻirin ekanini unutib, egniga paltosini ilmay hovliga chiqdi. Besabr Sarvar esa yana darvozani taqillatib, bu safar «opa!» deb chaqirdi. U kamdan kam hollardagina «opa» derdi. Uning bu safargi lutfining sababi darvoza ochilgach bilindi: Sarvarning yonida Xursanali turardi. Begonaning huzurida «opa» deyishga majbur boʻlganini Matluba tushundi.
— Voy, tinchlikmi? — dedi u bir qadam ortga chekinib.
— Tinchlik, — dedi Sarvar ichkariga qadam bo-sib. — Bolalaringni kiyintir. Faqat hovliqma, lekin tez boʻl. Nima gapligini keyin aytaman.

Sarvar Xursanali bilan ichkari kirdi-da, ayvon zinasiga yetganda opasidan «Podvalning chirogʻi bormi?» deb soʻradi. «Ha», degan javobni eshitgach, «Yoʻq!» deb buyurdi.

Ayvon zinasining yon tomonidagi pastqam eshikni ochib, Sarvar, ketidan Xursanali yertoʻlaga tushishdi. Ayvon ensiz boʻlgani uchun toʻsinlarning beliga tirgak qoʻyilmagan edi. Bir oz egilgan holda katta uy yertoʻlasiga oʻtdilar: Xursanali olingan xabarda bayon qilingandek yettita ustun sanadi-da, oʻrtasidagisiga yaqinlashib, engashdi:
— Shu yerda boʻlishi kerak, — dedi batartib terilgan gʻishtlar ustiga kaftini qoʻyib. — Tesha olib tushing, opangizni ham chaqiring, tushuntirib qoʻyay.

Sarvar «xoʻp», deganicha shoshilib chiqdi-yu, dam oʻtmay kalta sopli eski teshani koʻtarib qaytdi. Xavotirdanmi yo sovuqdanmi titrayotgan Matluba unga ergashib keldi.
— Opaxon, xoʻjayiningiz u yoqda gullab qoʻyibdilar: shu ustun tagida xazina bormish.

Matlubaning xayoli yorishib, «shu yerga koʻmilgan ekanmi, aytib ham ketmabdi-ya, u gʻalamis. Endi bularga yem boʻladimi?» degan fikr oʻtdi. Tili esa:
— Xazinasini yer yutsin, — dedi.
— Xazina boʻlsa, yer yutmasin, opa. Xazina boʻlsa, odamlarning kuniga yarashi kerak. — Xursanali shunday deb gapirganicha ustunni dam yuqorisiga, dam pastiga urib-urib siljitdi-da, soʻng gʻishtlarni asta koʻchirdi. Keyin ikki qarichcha qalinlikdagi tuproqni teshada tatalab chiqardi. Teshaning uchi taxtaga tekkach, tuproqni kaftlari bilan sidirdi. Hali chirishga ulgurmagan taxtaqopqoq tutqichidan ushlab koʻtardi. Ke-yin yana bir qarich qalinlikdagi tuproqni oldi. Ikkinchi yogʻoch qopqoqni ham koʻtargach, bir jomadon bemalol sigʻadigan oʻra koʻrindi. Nomi xazina boʻlgan bu oʻra boʻmboʻsh edi.
— Akaxonga besh ketdim: aldabdi, — dedi Xursan-ali qaddini koʻtarib. — Bir-ikkita xarif xazinaning isini olib, pochchakamizning kekirdaklariga chang solgan ekan, shu yerda, deb gullabdi u ahmoq. Ahmoq deganimga xafa boʻlmang, opaxon, bugun-erta xazina bor bu yerda, deb laqillab kelib qolishadi.
— Kim?
— Kimligini Xudo biladi. Lekin kelishlari aniq. Agarda bu yerda hech narsa topilmasa, avval sizlarga qiyin boʻladi. Akaxon esa, chiqqan joylariga kirib ketaveradilar.
— Quribgina ketsin, shu boyligiyam! Oʻlar boʻlsam oʻlib boʻldim! — dedi Matluba yigʻlab.
— Toʻxtang, opaxon, oʻlmay turing. Avval bu ishlarni bir yoqlik qilib olaylik. Hozir hammamiz ketamiz. Bolalaringizni ukangiznikiga tashlab, ertalab qaytib kelasiz. Sarvar ham bir-ikki kun siz bilan shu yerda turadi. Biz ham shu atrofda boʻlamiz. Ishni bexit qilish kerak. Mabodo ishkal chiqsa, oʻzimiz tinchitamiz. Opaxon, mana bu suratga qarab, yaxshilab tanib oling bu ta’viyani, — Xursanali ichki yon choʻntagidan surat chiqarib koʻrsatdi. — Chap oyogʻi kaltaroq bu odamning. Soʻrashsa, eng avvalo choʻloqligini aytasiz. Chap qulogʻining yarmi yoʻq, burni pachoq. Gapirganda pishillaydi. Nima deganini oʻrisi ham, chulchiti ham tushunmaydi. Panjalari katta-katta, menikiga ikkita keladi. Xullas, bir kuni kechqurun shu choʻloq badbashara bostirib kirgan. Yonida bir malla xotin ham boʻlgan. Pichoq chiqarib, doʻq urgan. Sizni bolalaringiz bilan birga uyga qamashgan. Podvalda bir nimalarning taqillaganini eshitgansiz. Ular indamay ketishgan. Siz podvalga tushishga qoʻrqasiz oʻshandan buyon. Shularni aytsangiz bas.
— Kim oʻzi bu? — dedi Matluba titroq ovozda.
— Koʻnglingiz aynisa ham bu taviyaga yaxshilab toʻyib oling. Uch-toʻrtta suratga aralashtirib koʻrsatishlari mumkin. Tanib olishingiz shart. Adashmang. Bu odam xoʻjayiningiz bilan zekvagon1da birga boʻlgan. Zonaga borganda qochgan. Bu tomonlarga kelib ishkal chiqaruvdi, oʻzimiz tinchitib qoʻya qoldik. Xitlar buni bilishmaydi, qidirib yurishibdi hali ham. Xazinani shu olgan, desak, siz ham tinchsiz, u yoqda akaxonga ham chivin qoʻnmaydi. Biz sizni himoya qilamiz, deb shartlashganmizmi, demak, sizni birovning chertishga ham haqqi yoʻq, — Xursanali choʻntagidan tanga chiqarib kaftiga qoʻydi. Matluba buni avval besh tiyinlik deb oʻyladi. Sinchiklab qaragan edi, Nikolay podshoning tilla tangasini koʻrdi.
— Toza tilla, — dedi Xursanali izoh berib. — Siz uchun qurbon qilamiz.

Tanga oʻra ostiga terilgan pishgan gʻisht ustiga tushib, jiringladi, xira chiroq nurida ojiz tovlandi. Soʻng ustiga bir sidra tuproq tashlanib, qopqoqlar avvalgisiday qilib berkitildi.
— Opaxon, siz chiqib bolalaringizni kiyintiravering. — Xursanali shunday degach tuproqni tortib, oyoqlari bilan shibbaladi, gʻishtlarni batartib terdi, ustunni joyiga oʻrnatdi.

Ular kutgan mehmonlar uzoq kuttirishmadi — ertasigayoq kelishdi. Lager teletaypining tezligi shu oʻrinda ish berdi. Kelganlar oʻzlarini «SSSR prokuraturasidanmiz», deb tanishtirishdi, hujjatlarini ham koʻrsatishdi. Uyni tintishdi. Soʻng «har ehtimolga qarshi yertoʻlani ham koʻrib qoʻyaylik», deb pastga tushishdi. Matluba oʻzini bosishga qancha tirishmasin, ularning maqsadlarini avvaldan bilgani uchun ham titrayverdi. «Tintuvga ruxsatnomangiz qani? Ikkita xolis guvoh qani?» degan talab esa xayoliga ham kelmadi. U-ku, xotin kishi, xavotirda oʻzini yoʻqotadi. Opasiga dalda berishi lozim boʻlgan Sarvar ham dovdirab qoldi. Bir ozdan soʻng ularni pastga chaqirishdi. Oʻrtadagi ustun atrofini, sochilgan tuproqni koʻzdan kechirayotgan qirraburun:
— Bu yerda nima bor? — deb soʻradi.
— Bilmasam, — dedi Matluba. — Qoʻyadigan narsamiz koʻpam yoʻq, hadeb tushavermayman bu yerga.
— Bu yer kavlangan. Nega kavlangan? — dedi qirraburun qaddini rostlab.
— Bilmadim.. balki...
— Nima balki?
— Aytaverayinmi?
— Bizni chalgʻitishga urinmang, biz hammasini bilamiz.
— Bilsangiz... aytmay qoʻya qolaymi?
— Bilganlaringizni gapiring!
— Bilganlarim... Ancha vaqt oʻtdi-da... kuz paytida edi, kechasi bir erkak, bir ayol uyimizga bostirib kirishdi. Darvoza qulf edi, hovliga qanday tushishganini bilmayman. Erkagi choʻloq ekan. Vish-vish qiladi, gapiga tushunmayman... — Shu zaylda Xursanali oʻrgatgan gaplar aytildi. Ular ishonib-ishonmay bir-birlariga qarab qoʻyishdi.
— Militsiyaga xabar qildingizmi? — deb soʻradi qirraburun. Bunaqa savol Xursanalining rejasida yoʻq edi. Shu sababli Matluba dovdiradi.
— Militsiyaga nima uchun xabar bermadingiz? — dedi bu safar qirraburun dagʻallik bilan.
— Militsiyaga aytsang, oʻldiramiz deyishgan, bolalarni ham... — Matlubaning tiliga kelgan bu gapdan ular qoniqishib, boshqa narsa soʻrashmadi. Ularning buyrugʻi bilan Sarvar ustunni chetga surdi, gʻishtlarni koʻchirdi, tuproqni surdi, qopqoqlarni ochdi. Ochdi-yu, «agar titishmasa tanga qoladi», deb umid qildi. Qirraburun boʻsh oʻraga bir oz qarab turdi-da, soʻng engashib, barmoqlari bilan tuproqni titib, tilla tangani topdi. Qaddini koʻtarmay turib tangani chiroq yorugʻiga tutdi, tishlab koʻrdi. Keyin yana tuproq titdi. Soʻng ketishdi. Ertasiga qirraburunning oʻzi keldi. Beshta odamning suratini koʻrsatdi. Matluba Xursanali koʻrsatganni tanidi. Tanidi-yu:
— Faqat bitta joyi oʻxshamaydi, — dedi.
— Qaeri? — dedi qirraburun unga qattiq tikilib.
— Qulogʻining yarmi yoʻq edi. Yo bu eski rasmimikin?

Qirraburun suratlarni choʻntagiga solib «xayr» ham demay iziga qaytgan edi...

Hozir Omonulloning «kim edi, qachon keldi, nimaga keldi?» degan savoli oʻsha voqeani chaqmoq umrichalik lahzada eslashga majbur etdi. Esladi-yu, ammo sirtiga chiqarmadi: Xursanalining amrini bajardi.

Omonullo suhbatini boshlamay, Safar kelib ayvon panjarasiga oʻtirib oldi. Matluba unga qarab qoʻyib, oʻngʻaysizlandi.
— Safar, kalit mashinada qolibdi, — dedi Omonullo ma’nodor ohangda.

Safar doʻstining maqsadini anglab, oʻrnidan turdi-da, koʻchaga chiqib ketdi. Ranjiganini sezdirmadi, ammo ichida doʻstini avra-astarini agʻdarar darajada boʻralab soʻkdi.

Omonullo arqonni uzun tashladi. «Tursunali Toʻx-taev bilan qachon tanishgansiz, qachon turmush qurgansiz, bolalar...» kabi savollarga olinajak javoblar u uchun muhim emasdi. Shu sababli «bu ayol toʻgʻri gapir-yaptimi yo yoʻqmi?» deb tahlil etmadi. Matluba toʻgʻri javoblardan chekinib, oʻzi istagan gaplarnigina aytmoqchi boʻlayotgani bilan qarmoqdagi xoʻrakka aldanajagini bilmas edi. U Nafisaning oʻlimidan xabar topgani bilan, oʻzining bu fojiaga aloqador deb gumon qilinayotganidan, Omonullo aynan shu ish tufayli kelganidan bexabar edi. «Erimni qamab ham tinchishmas ekan», degan fikr uni chalgʻitib qoʻygandi.
— Savolimga javob bermadingiz, opa, mendan oldin ham birov keldimi? — Omonullo ayoldagi sarosimani sezgani uchun savolini takrorladi.

Xursanali boʻlib oʻtgan tintuvning «isini chiqarmaslik»ni tayinlagani sababli Matluba sir boy bermaslik uchun nigohini olib qochdi.
— Adamizni ushlashganidan beri nechtasi kelib, nechtasi soʻroq qildi, nechtasi tintdi. Hisobi yoʻq bularning. Oʻlar boʻlsam oʻlib boʻldim. Adamizning ayblari bor ekan, qamadilar. Bizning gunohimiz nima? Bolalarimning gunohi nimada? Aybimiz boʻlsa, bizlarni ham qamanglar, otinglar, — Matluba shunday degach, yigʻlay boshladi.

Omonullo ovutishni istamay, bir oz kutdi. Matluba yonogʻiga yumalagan koʻz yoshlarini kafti bilan artib, xoʻrsingach, soʻrogʻini davom etdi:
— Tursunali aka bilan munosabatingiz yaxshi edimi?
— Bu nima deganingiz? — Matluba ajablangan holda unga tik qaradi.
— Oralaringizdan ola mushuk oʻtmaganmidi?
— Ola mushuk? U kishi... bolalarimning otasi... koʻz ochib koʻrganim. Ola mushuk deganingiz hammaning uyida bor. Er-xotinning orasidan gap qochmay iloji yoʻq. Savolingizga qaraganda odamlardan bir igʻvo eshitganga oʻxshaysiz. Indamasangiz odamlar nimalar toʻqimaydi?
— Toʻgʻri aytasiz, ba’zan odamlar koʻpirtirib yuborishadi. Lekin... shamol boʻlmasa daraxtning uchi ham qimirlamaydi.
— Maqsadingiz nima, ochiq aytavering?
— Tursunali aka... sizga xiyonat qilarmidilar?

Bu savoldan soʻng Matlubaning egilgan boshi yanada egildi. Titroq barmoqlariga tikilib jim qoldi.
— Ochiq aytavering. Agar sir boʻlsa, oramizda qo-ladi.
— Sir... bilmayman, odamlar igʻvo qilaverishadi. Bolalarimning otasi axir...

Omonullo tushundi. Tursunalining xiyonati faqat bu ayolga emas, voyaga yetib borayotgan bolalarga ham isnod keltiradi. Ayniqsa xonadondagi qizning boʻyi yetib qolgan boʻlsa ogʻir, yanada ogʻir. Erta-indin sovchi eshik qoqib kelsayu «otasi buzuq ekan», deb iziga qaytsa naqadar fojia... Xiyonatdan xabar topgan ayol qanchalik qonsiramasin, farzandlari taqdirini oʻylab, dardini ichiga yutadi.

Omonullo iztirob choʻgʻlari ustida oʻtirgan ayolni qiynamaslik uchun muddao oʻqlarini aniq nishonga ola qoldi:
— Nafisa Boltaevani tanirmidingiz?
— Nafisa... — «er yutsin uni», deb oʻyladi Matluba, ammo tili boshqa gapni aytdi: — eshitganman...
— Oʻzini koʻrmaganmisiz?
— Koʻrganman. Lekin... yaxshi tanimayman.
— Odamlarning gaplariga qaraganda...
— Odamlarning gaplarini menga aytmang. Oʻzingiz koʻrib, qoʻl bilan ushlagan boʻlsangiz ayting. Adamizga shuncha azob kammi? Endi nomlarini ham bulgʻashyap-timi?
— Begonalar emas, Boltaevaning onasi ham aytyapti.
— Adolmi? Juvonmarg boʻlsin, u ofat! Oʻzining qizlari oʻtirib qolganiga alamini oʻgay qizidan oladi. Nafisaning boshida eri bor. Uning buzuqligini birov koʻrmagan.
— Boltaevaning erini tanirmidingiz?
— Sal-pal taniyman. Adamizning oʻrtoqlari.
— Bu yerga koʻp kelarmidi?
— Yoʻq.
— Kasbi nima, bilasizmi?
— Olim shekilli?..
— Oilalari tinch edimi?
— Buni oʻzlaridan soʻrang. Men ularnikiga qadam bosmaganman.
— Nega?
— Savolingiz gʻalati-ku? Hozir yaqin qarindoshlar ham bordi-keldiga vaqt topolmaydilar.
— Tursunali aka borib turarmidilar, har holda oshna ekanlar?
— Bilmayman.
— Siz hozir «qadam bosmaganman», dedingiz. Ikki oymi, uch oymi avval, kuz paytlarida borgansiz-ku?
— Kim aytdi?
— Kerak boʻlsa guvoh bilan yuzlashtiramiz. Ungacha savolimga javob bering: nima uchun bordingiz? Siz oʻsha kuni qattiq gʻazabda boʻlgansiz. Nimadan norozi edingiz?
— Esimda yoʻq.
— Hatto «oʻldirtirib yuboraman», degansiz?
— Yolgʻon!
— Men shu yolgʻonni aytish uchun kelibmanmi? Bir narsadan shubham boʻlmasa gapirmayman.
— Shubha?.. Hali... uni men oʻldiribmanmi?
— Kimni?
— Nafisani aytyapsizmi?
— Oʻlganini bilasizmi? — Omonullo shunday deb Matlubaga ajablanayotgan odam koʻzi bilan qaradi.
— Men kecha osmondan tushganim yoʻq-ku? Eshitmaymanmi?
— Qanday holatda oʻlganini ham eshitdingizmi?
— Eshitdim... bittasi bilan... ekan.
— Ishondingizmi?
— Ishondim nimayu, ishonmadim nima?
— Kim oʻldirgan boʻlishi mumkin?
— Bilmayman.
— Har holda... nima uchun oʻldirgingiz kelgan edi?

Matluba qafasga qamalgan qush holiga tushdi. Nodonligi tufayli qafasga tushdi, endi yana nodonlik qilib, oʻzini qafasga urib qanotlarini yaralashni istamadi. Bir oz sukut qilgach, eridan olgan oʻsha maktubdan gap boshladi.

Matluba bir yigʻlab, bir sukut qilib, bir gʻazab jilovida ezilib gapirardi. Nafisaning oʻlimini eshitganida «battar boʻlsin!» deb quvongan edi. Bunday oʻlimdan battarroq yana nima boʻlishi mumkinligini oʻylab oʻtirmay, birovning oʻlimidan quvonishning gunoh ekanini fahmlamay shunday degan, shunday xursand boʻlgan edi. «Xudo mening rahmimni yebdi», deb ham fikr qilgandi. Hozir oʻtmish kunlarni eslay turib nechundir unga achindi. Norasmiy kundoshining oʻlimidan oʻziga zarracha naf yoʻqligini endi angladi. Uning oʻlimini istagani rost, qargʻagani rost, oʻldirish yoki oʻldirtirish uchun harakat qilmagani ham rost. Ammo rost gapga bu odam ishonarmikin? Matluba shu armon, shu oʻkinch bilan Omonulloga qarab-qarab qoʻyardi.

Omonullo uning gaplarini boʻlmay eshitdi. «Shu ayol oʻldirgandir» degan gumon unga hukmini oʻtkazmagan boʻlsa-da, fikrdan uzoqlashishga haqqi ham yoʻq edi. To chin qotil topilmagunicha shu ma’sumadan ham shubhalanishga haqli edi.

Omonullo Matlubaning soʻzlarini eshitish asnosida beixtiyor Adolatni koʻz oldiga keltirdi. Oʻshandan gumonsiraganda ham tinch qoʻymas edi. Bu ayol... boshqachaga oʻxshaydi. Ezilgan ruhi, toptalgan umidi uchun xun talab qilsa ham arzir. Ammo... bolalarining otasi boʻlgani uchun ham uning nomini himoya qilyapti, uni umid bilan kutyapti. Har qanday ayol erini qiz-gʻanadi. Qalbini yiring bosgan Matlubaning ham qizgʻanishi tayin. Ammo bu rashk, bu qizgʻanish qotillikka undashi mumkinmi? Omonullo uchun bu mubham boʻlib qolaveradi.

U Matlubadan erining maktublarini koʻrsatishni iltimos qildi. Matluba bir oz ikkilangan holda uyga kirib toʻrt-beshta maktub olib chiqdi-da, soliq toʻlashga undovchi xatni ajratib berdi. Omonullo satrlarga koʻz yugurtirgandayoq, lager qamoqxonasidagi ahvolni angladi.
— Boltaevadan shubhalanganingiz oʻrinsiz. Eringiz qamoqdagi katta baliqlarga yem boʻlgan.
— Bilasizmi shuni? Bilsangiz... nega yoʻl qoʻyib berasiz?
— Buni oʻsha yoqdagilardan soʻrash kerak. Bizning vazifamiz boshqa. Agar biror kishi pul talab qilib kelgan boʻlsa, ayting. Ular bilan shugʻullanamiz.

Matluba Xursanalining ogohlantirishini eslab: «Yoʻq, yoʻq, hali hech kim kelmadi», deb qoʻydi.

Omonullo bunga ishonganday boʻldi-yu, yana uchrashishga shama’ qilib koʻcha tomon yurdi. Matluba ostonaga qadar kuzatib borib, Omonulloning ortidan eshikni yopdi.

Safar orqa oʻrindiqda kavshanib oʻtirardi. Omonullo mashina eshigini ochishi bilan dimogʻiga aroq, kolbasa hidi urildi.
— Ha, ochofat, darrov yutdingmi? — dedi Omonullo unga qovoq uyub qarab.
— Boshga quvvat boʻladi, senam qittakkina olvol.

Omonullo «nafsing qursin», dedi-da, mashinani yurgʻizdi. U direktor bilan uchrashib yangi gap ololmagach, bogʻ qorovuli bilan gaplashishni ixtiyor qildi. Direktor obkomdan vakil kelayotganini aytib, unga bir yugurdagini qoʻshib berdi. Nomi bogʻ qorovuli, aslida xoʻjayinning ham mahrami, ham oshpazi boʻlmish ukkikoʻz Karvon Tursunali bilan qizini shu yerda koʻrganini aytdi. Aravakash otasining «Karvon» laqabini meros qilib olgan bu odam bilganlarini yashirmadi: «Direktor buva Toshkentda edilar. Xoʻjayin yoʻqliklarida ishlarimni qilvolay deb rayon markaziga tushuvdim. Qaytib kelayotsam, Oshbolta bilan qizi chiqib kelishyapti. Oshboltaning da’vosi katta — u oʻzini menga ustoz deb biladi. «Oʻchoqni harom qilibsan, buzib tashladim, ertamatan kelib yangisini qurib beraman», deydi. «Nimasi harom?» desam, «Oʻchoqning ichida it yotibdi», deydi. It ilgari ham yotardi, harom-parom demasdi, qachondan beri haromni haloldan ajratadigan boʻlibdiyikin, deb qolovurdim. Nazarimda u qizini yangi direktorga qoʻshgani olib kelganu, ishi unmagach, alamdan oʻchoqni buzib tashlagan. Oʻchoqni oʻsha kuniyoq oʻzimla oʻnglab qoʻydim. Xoʻjayin yarim kechada qaytib, ovqat qil, deb buyursalar «Ertalab Oshbolta oʻchoq qurib bersin, keyin ovqat pishiray», deymanmi?»

Omonullo Karvonning gaplarida bir ilmoqni sezdi-yu, boʻlib oʻtgan voqeani oydinlashtirishga ojizlik qildi. Savollarni qalashtirgani bilan kerakli javoblarni ololmadi. Nafisaning qishloqqa kelishi, boqqa borishi, oʻchoqning buzilishi... Quloqlariga tilla ziraklar, barmoqlariga tilla uzuklar taqib qaytishi... da sir yashirin edi. Bu sirdan voqif odamning biri tuproq ostida, ikkinchisi tildan qolgan...

.. Oʻsha kech Matlubaning nogahoniy tashrifidan soʻng Samandar «ishim bor», deb xonasiga kirib ketdi. Ota-bola televizorda zerikarli bir tamoshani yarmiga qadar toqat qilib koʻrishgach, Toshbolta qizidan:
— Tursunalining boyligi koʻp edi, milisa topolmadi. Xotini bilmasa... qayga berkitdi ekan? — deb soʻradi.

Nafisaning koʻzlari teleekranda boʻlsa-da, xayoliga shu savol hukmron edi. Otasiga qarab «bilmayman» deb yelka qisib qoʻydi-yu... keyin soʻnggi kechalardan birida yuz bergan voqeani esladi. Aslida oʻsha voqeani unutmagan, lekin qama-qama boshlanib, boqqa borishga qoʻrqib yurgan edi. Televizorni yana bir oz tomosha qilgan boʻlib, soʻng oʻsha voqeani otasiga bayon qildi...

... Tursunalining kayfiyati xush edi. Maishatni boshlashdan avval Nafisaning quloqlariga tilla zirak, barmoqlariga tilla uzuklar taqdi. Soʻng nafs qongach, tongga yaqin yechib oldi. Avvallari bunaqa odati yoʻq edi — sovgʻalarini qaytib olmasdi. «Zamon nozik boʻlib turibdi. Taqib yursang, odamlar gap qiladi, ering ham shubhalanadi. Shu yerda tura tursin», dedi-da, tashqariga chiqdi. Nafisa oʻrnidan turib yelkasiga choyshab tashlaganicha, derazaga yaqinlashib, tash-qariga oʻgʻrincha qaradi. Tursunalining oʻchoqboshi tomon qayrilganini koʻrdi. «Karvon shu yerda boʻlsa bu ahvolda duch kelmay», deb tashqariga chiqishga qoʻrqdi. Tursunali oʻchoqboshidami yo etakdagi qoʻyxonadami, Nafisa aniq bilolmadi, ancha qolib ketdi. Mehmonxonaga kirishdan oldin qoʻllarini yuvdi. Ichkari kirib yotdi-yu, kun yoyilgunicha uxladi...

Bu voqeadan avvalroq boxabar qilmagani uchun Tursunali qizini gʻadabladi. Ertasiga tongdayoq ota-bola yoʻlga otlandilar.

Oʻchoq ostidan topilgan ziraklar, uzuklarni Nafisa joni uzilganiga qadar taqib yurdi. Adolat bu taqinchoqlarni yangi oʻynashning hadyasi deb oʻyladi. Samandar esa dastlabki kunlari xotinida yangi taqinchoqlar paydo boʻlganini hatto payqamadi ham. Nafisa «erim soʻrasa «dadam olib berdilar», deyman», deb javobni naqd qilib qoʻygan edi. Sinchkovlik, xotinlarga e’tibor degan tushunchalardan begona Samandar taqinchoqlarni koʻrganda ham indamadi. «Maoshlarini yigʻib olgandir», deb qoʻya qoldi.

Taqinchoqlar tarixidan bexabar Omonullo issiq kunda aroqning kuchi bilan yanada qizib olgan Safarning ezmaligidan horigan holda uyiga qaytdi.

Magʻlubiyat va gʻalaba (qotillikdan avvalroq sodir boʻlgan voqea)

Tursunali zekkvagonda yonma-yon kelgan badbashara odamning laqabi «Udav» ekanini Tengizdan eshitdi. Eshitdi-yu, bular bilan hazillashib boʻlmasligiga yana bir karra ishondi. Baxtini qarangki, u oʻsha «Udav» bilan vagonda birga boʻlibdi, bu nodon «Udav» qochibdi, uning xazinani oʻgʻirlaganiga Gobelyanning odamlari ishonibdi. Ishonishmaganda nima boʻlardi, qochmaganida nima boʻlardi, vagonda boshqa oʻgʻri bilan kelganida nima boʻlardi? Xayolida shu savollar uygʻonganida Tursunalining yuragi orqasiga tortib ketaverdi, koʻz oldida bolalari, Matlubasining ma’yus chehralari gavdalanib, ezilaverdi. Nechundir oʻz joni ham arzimasday tuyula boshladi. Nechundir Nafisadan olgan maktubi dardiga malham boʻla olmadi. Kunlar, haftalar shu zaylda oʻtaverdi. Oʻchakishgandek Nuriddin ham teskariligicha qolaverdi. Oʻchakishgandek, oshxonada boshlangan ola-toʻpalonda doʻpposlanib, oʻlar holga keldi. Janjal nimadan boshlanganini anglashga ulgurmadi ham. Nazoratchilar nima sababdan mushtlashuvni bostirishga urinishmayotganidan ajablandi. Qamoq shifoxonasida koʻzlari tinib, boshi aylanib yotganda bu haqda koʻp oʻyladi. Chala oʻlik, chala tirik holda azob dengiziga bir gʻarq boʻlib, bir yuzaga qalqib chiqib yotganida oʻzini «prokuraturadanman», deb tanishtirgan odam beshta surat koʻrsatib, «qaysi biri bilan zekvagonda kelgansan?» deb soʻradi. Tursunali Tengizning ogohlantirishini eslab «Udav»ning suratini adashmay koʻrsatdi. «Prokuraturadanman» degan odam nechundir boshqa narsani soʻramadi.

Oshxonada janjal boshlanganida, ayniqsa jagʻiga birinchi musht tushganida Nuriddinni izladi. Keyinroq esladi: Nuriddin oʻsha kuni ertalabdan koʻrinmagan edi. Yoʻq, hatto tunda ham joyida yotmagan edi. «Qayoqqa yoʻqoldi! Yo qochib ketdimi u nodon?» deb oʻyladi Tursunali. Nuriddinning qamoq hibsxonasida ekanini bilgach «omadli bola ekan», deb qoʻydi. Bu masalada u haq edi. Chunki bir necha kunlik hibs Nuriddin hayotini omon saqlab qoldi, deyish ham mumkin.

Tayyorlanmish fitnadan ogoh boʻlgan kunning ertasiga oqshomda Nuriddin hovlida boshliq muoviniga duch keldi. Salom berib oʻtib, ikki qadam ham bosmagan edi-ki, mayor «toʻxta!» deb buyurdi. Nuriddin toʻxtagach, boʻralab soʻkib, «nega salom bermading?» deb baqirdi. «Salom berdim-ku?» deb ajablangan Nuriddinni mayor «hali gap ham qaytarasanmi!» deb urib qoldi. Nuriddin javob qaytarish u yoqda tursin, hi-moyaga chogʻlansa ham battar boʻlishini bilgani uchun tobe holida turib berdi. Mayor urib, soʻkib boʻlgach, Nuriddinni hibsxonaga boshlab borib, «salom bermagani, gap qaytargani va lager ichki intizomini qoʻpol buzgani uchun» qamadi. Botqoqqa tashlangan odam «nechun bunda loy koʻp?» deb ajablanmagani kabi Nuriddin «bu qadar nohaqlik boʻlarmi, axir?!» deb hayratlanmadi ham, gʻazablanmadi ham. Bu tarzdagi hibsxonada oʻtirishlar uyga yuborajak va olinajak mujdalar sonini kamaytirishini, oqibat ozod boʻlib chiqish onlariga salbiy ta’sir etajagini bilgani uchun afsuslandi xolos.

Hibsdan qutulib chiqishi bilan uni Tengiz chorlatdi. Yomgʻirdan soʻng adl qomat oq qayinlar nozikbadan kelinchaklarday koʻzni quvontirardi. Tengiz daraxtning silliq badaniga kaftini qoʻyib atrofga suqlanib boqardi. Uning ovulida, archalar orasida, unda-bunda shunday oqbadan qayinlar koʻzga tashlanardi. Ularni birov atayin olib kelib ekkanmi yo qadimdan bormidi — Tengiz bilmaydi. Togʻ archalari orasida begonasiramay oʻsayotgan bu daraxtlarga qarab zavqlanardi. Bu yerda, oʻz yurtida oq qayinlar oʻzgacha jilva qilardi.

Nuriddinni boshlab kelgan Pachoqburun sal berida toʻxtab «Knyaz, keldi», deb ovoz berdi. Tengiz orqasiga oʻgirilgach, oʻzi nari ketdi. Nuriddin esa u tomon yurdi.
— Ha, Hamzat, kel, mana buni qara: agar dunyoda pokizalik istasang, daraxtlaru koʻkatlardan izla. Odamlardan qidirma — ovora boʻlasan. Kaftingni qoʻy bu yerga, soʻng tabiatning shiviriga quloq tut.

Nuriddin Tengizning aytganini qildi. Ammo hech narsani sezmadi, tushunmadi. Tengiz esa xuddi oʻziga oʻzi gapirganday she’r oʻqiy boshladi:

Angladim: nomusning qotili — qullik,
Koʻrdim: tojli boshlar ta’zimga keldi.
Bulbullarim oʻldi Chamanzorlarda
Bulbulli maqomi choʻgʻzimga keldi.
Haqoratlar yedim. Tahqir, haqorat —
Tirnogʻimdan tortib boʻgʻzimga keldi...

Ruschalab aytilgan satrlarni Nuriddin yaxshi tushunmadi. Yaxshiki, Tengiz «angladingmi, Hamzat?» demadi. Soʻraganida uning dovdirashi aniq edi.

Bu satrlar Tengizning xasta yuragidan potrab chiqib beixtiyor tilga koʻchgan, Nuriddinga aytish uchun moʻljallanmagan edi. Tengiz ham, boshqa sheriklari ham oʻzlarini «ozod inson» hisoblasalar-da, aslan oʻzlari barpo etgan zindonga mahbus edilar. Dastlab hashamatli qasr boʻlib koʻringan bu zindondan hech kim osonlikcha, aniqroq aytilsa, tirikligicha qutilgan emas. Koʻpchilik qutulish choralarini oʻylamaydi ham, izlamaydi ham. Tengiz esa bu qasr ostonasiga qadam bosgunicha boʻlgan chin ozodligini qoʻmsaydi. Yuragi ba’zan qanoti singan qush singari uchmoq istaydi. Qaysi zamonda, qay makonda qanotlari singan qush erkin osmonga parvoz qilibdi-ki, Tengizning qalbi bunga yetishsa...
— Bu daraxt bechoralar bizlar tufayli tutqunda, bizlarni deb bular ham tikonli qamoq simtoʻrlari bilan oʻralgan... — Tengiz bu gapni ham Nuriddin uchun emas, oʻzi uchun past ovozda aytdi.

Ularning makoni pokiza hislarga bandi boʻlib turishga koʻpam imkon bermaydi. Bunda qalblar bir necha lahzagina asliga qaytishi mumkin. Soʻng... yana buzuqlik, yovuzlik, nafrat chodirlariga oʻraladi. Oʻralganda ham chirmab oʻraydi, ezadi, siqadi. Ozgina fursat yayragan hislar esa nola chekadi, ingraydi, oqibat — ovozi oʻchadi.

Tengiz shunday holatda edi.

Zulmat chodiri qalbni oʻradi — kaftini daraxt badanidan oldi.
— Mazza qilib chiqdingmi? — deb Nuriddinning yelkasiga yengil mushtladi. — Eshitgandirsan, oʻsha fitna xuddi men aytganday amalga oshdi. Yanis ogʻir yotibdi. Bugun-erta jon bersa ham ehtimol. Bir moʻ’jiza bilan tirik qolsa ham otuvga hukm etiladi. Oʻldirilgan uch mahbusning xuni uning boʻyniga ilindi. Yana uchta sherigi ham ketadi. Sen bilan biz esa maishatlarimizni qilib yuraveramiz.— Tengiz keyingi gapi-ni achchiq kinoya bilan aytdi-da, daraxtni tepdi.— Ular yurtlariga ozodlik urugʻi sepgan edilar. Bu yerga kelib oʻlim mevasini undirib yedilar. Ayb bizda emas, Hamzat, sen hali bunday tamoshalarning koʻpini koʻrasan.
— Meni nimaga qamashdi?

Nuriddin aslida «siz qamattirdingizmi?» deb soʻramoqchi edi. Tengiz savolning magʻzini oʻqib, bosh chayqadi:
— Bilmayman, Hamzat. Koʻziga xunuk koʻrinib qolgandirsan. — Tengiz shunday deb koʻzlarini loʻq qilganicha unga tikildi. Ayrim odamlar yolgʻonni sezdirmaslik uchun nigohini olib qochadi, Tengiz esa aksincha, tik qaraydi.

Nuriddinning gumonida jon bor edi: u Tengiz istagi bilan qamalgandi. Tengiz kechasi Koshakning arogʻini ichgach, koʻp oʻyladi. Ertasiga Koshakni chorlab, gapni aylantirib soʻradi. Koshak aniq javobdan boʻyin tovlasa ham Nuriddinning oʻlimga hukm qilinganini ishora bilan ma’lum qilib qoʻydi. «Shogirding ham sinaladigan boʻlib turibdi», deyishidanoq Tengiz uning shumligini payqadi. Angladi-yu, mayorni ishga soldi. Mayorning osonlik bilan koʻnganidan bildiki, Nuriddinning nishonga aylanishi qamoq lageri boshliqlarining fikri emas, Koshakning shaxsiy tashabbusi. Shu bois ham Nuriddin qutulib chiqishi bilan uni chaqirtirdi.
— Hamzat, sening bogʻcha bolalik davring oʻtdi. Endi maktabdagi oʻqishni boshlashing kerak. Oʻjarlikni yigʻishtir, sen uchun eng toʻgʻri yoʻl — bizning yoʻlimiz. Birinchidan, joningni asraysan, bu yerdan tirik holda, ikki oyogʻingda yurib qaytasan uyingga. Ikkinchidan, bilib qoʻy: uyingga qaytganingda birov seni odam oʻrnida koʻrmaydi. Hatto eng yaqin qarindoshlaring uchun ham sen «qamalib chiqqan odam»san. Birovnikiga mehmonga borsang ham sendan xavfsirab tu-rishadi. Igna yoʻqolsa ham sendan koʻrishadi. Ular orasida endi halol yashay olmaysan. Hamonki sendan shubhalanishyaptimi, yaxshisi chinakam oʻgʻri boʻlib yashayverganing ma’qul. Sen bizning kasbimizdan nafratlanma, avval ham aytganman, yana aytaman: biz halol odamlarmiz. Biz biron bir ishchining yoki maktab muallimining uyiga bostirib kiradigan ahmoq emasmiz. Xoʻp, kirdik ham deylik, nima olamiz bu uydan? Yuvilaverib yoqalari titilib ketgan koʻylaklarnimi? Men sentyabr oyida ovga chiqishni yaxshi koʻrardim, Hamzat. Nimagaligini bilasan, a?— Tengiz shunday deb huzurlanib jilmaydi. — Ha, aytmoqchi, Hamzat, sen nima uchun institutda oʻqimading? Istamadingmi?

Nuriddin Tengizning maqsadini tushunmadi. Shuning uchun avvaliga «Nima edi, nima uchun qiziqib qoldingiz?» deb soʻramoqchi boʻldi. «Qutulib chiqqanimdan soʻng oʻqishga joylashtirmoqchimi?» deb ham oʻylab, toʻgʻrisini aytib qoʻya qoldi:
— Sakkizinchini bitirib undan u yogʻiga oʻqiy olmaganman.
— Nimaga oʻqimagansan Hamzat, biliming kammidi yo aqling kammidi?

Keyingi savol Nuriddinning hamiyatiga tegib toʻnglik bilan javob berdi:
— Pulim kam edi.

Bu javob Tengizga ma’qul kelib, kuldi:
— Shunaqaligini bilardim, — dedi u Nuriddinning yelkasiga yana yengilgina musht urib. — Sendaqalar koʻp bu mamlakatda. Oʻninchini tugatganingda ham baribir institutga kirolmas eding. Yozdagi kirish imtihonlarida oʻqituvchilar dengizga toʻr tashlagan baliqchilarga oʻxshab nodonlarning pullarini yigʻib oladilar. Men esam toʻrimni ularning ustiga tashlayman. Qani aytchi, kim koʻproq gunohkor? Ularmi yo menmi? Biz halol oʻgʻrimiz, Hamzat, endi sen ham bizning oilamizga qoʻshilasan.
— Men...
— Jim boʻl! Gapingni eshitishni ham istamayman. Qarorim qat’iy — shikoyatga oʻrin yoʻq! Sen bugundan boshlab Qoʻtosning shogirdisan. Menga qara, oʻjar, sen uning hunarini astoydil oʻrganaver, ozodlikka chiqqaningdan keyin nima qilishni oʻzing bilasan. Ha, aytmoqchi, chap qoʻlda ovqat yeyishni bilasanmi? — Tengiz shunday deb mugʻambirlarcha jilmaydi-da, savoliga javob boʻlmagach, gapini davom ettirdi: — Qadimda eng zoʻr oʻgʻrilar Bagʻdodda boʻlar ekan. Senga oʻxshagan bir ahmaq oʻgʻrilikni oʻrganaman deb Bagʻdodga kelib, eng zoʻrini topib, arzini aytibdi. Zoʻr oʻgʻri «boʻpti, shogirdlikka oldim seni», deb uni mehmon qilibdi. Ammo «ovqatni chap qoʻlda yeysan», deb shart qoʻyibdi. Ahmaq shogird qancha urinmasin, ovqatni chap qoʻlida yeyolmay «shu shartmi?» deb norozilik bildiribdi. «Shart, — debdi ustoz, — oʻgʻrilikning eng asosiy sharti — chap qoʻlda ovqat yeyish. Chunki oʻgʻri ertami-kechmi pand yeb, hibsga olinadi. Pand yedimi, tamom, shariat hukmiga binoan oʻng qoʻli kesiladi. Sening qismating ham shunday boʻladi. Ovqatni chap qoʻlda yeyishni hozirdan oʻrgansang, keyin qiynalmaysan». Bu gapni eshitib, haligi ahmaq orqasiga qochvorgan ekan. Lekin sen havotir olma, bizning hukumat odil, qoʻlni kesmaydi. Toʻrt yilmi, besh yilmi boqadi, dam beradi. Keyin qoʻyib yuboradi, — Tengiz shunday deb kuldi.

Nuriddin uning bu kulgisi zamirida xushchaqchaqlik, quvonch nurini emas, alam va iztirob zahrini sezdi.

Nuriddin oʻsha kuniyoq Qoʻtosning qoʻliga «tantanali suratda» topshirildi. Qoʻtos dastlabki kunlari uning «gʻoya»sini boyitish bilan shugʻullandi. Oʻgʻrilar olamiga xos tartib-qoidalar bilan tanishtirdi. U har bir tartib yoki qoidaning ahamiyatini erinmay tushuntirar, xuddi rivoyat aytuvchi roviy kabi qissadan hissa yasab, bu qoidalarni buzganlarning qanday jazoga yoʻliqqanlarini batafsil bayon etardi. Qoʻ-tos — jar labidagi soʻqmoqdan, qirgʻoqlarni bogʻlovchi qil koʻprikdan koʻzlarini chirt yumib olib ham yugurib ketaveradigan odam, goʻdakni yetaklab, bu yoʻldan adashmay yurmoqni oʻrgatardi. Oʻrgata turib «orqaga qaytishni oʻylama, hatto ortingga burilib qarama», deb uqtirardi. Tengiz «ozodlikka chiqqach, nima qilishni oʻzing bilasan», degani bilan Nuriddin toʻrga oʻralib borayotganini sezib turardi. Sezardi-yu, qutulmoq chorasini topolmay garang edi.

Navbat «siyosiy» tayyorgarlikdan «amaliy» mashgʻulotga oʻtib, Qoʻtos temir javonlarning, ulardagi qulf-larning turlari haqida tushuntirib oʻtirganda Koshak yaqinlashib, yon tomonga xunuk tarzda tupurdi-da:
— Knyazingning kuni bitdi, — dedi Qoʻtosga qarab.

Bu kutilmagan xabar Nuriddinni ham, Qoʻtosni ham tang qoldirdi.
— Nima boʻldi? — dedi Qoʻtos oʻrnidan turib.
— Nima boʻlardi, — dedi Koshak Nuriddinga qarab zaharli tirjayib, — kuni bitgandir-da. Qoʻllariga kishan urib, hibsxonaga tashladilar.
— Kim tashladi? Nimaga tashladi?
— Nimaligini ulardan soʻra. Knyazing keyingi payt-da oʻzini rostdan ham «knyaz» deb ishonib qoluvdi. Uni uch harf tinchitadi endi.
— Koshak, sen bundan quvonyapsanmi? — dedi Qoʻtos achchiqlanib.
— Boʻlmasamchi! Endi bu yerda men knyazman!
— Bekor aytibsan! Biz hali oʻylashib koʻramiz. Sen birodaringning musibatidan quvonib, qonunni buzyapsan!
— Qoʻtos, sen oʻzingning ishingni bilib qilaver. Lekin mana bunaqa itvachchalarni yoʻqot. — Koshak shunday deb yonidan buklama pichoqni chiqarib sopi yonidagi tugmani bosdi. Oftobda yaltillagan pichoq tigʻini Nuriddinning kekirdagiga tiradi: — Ana endi himoya-ching yoʻq, Bifshteks uchun javob beradigan vaqting keldi. — Shunday deb tigʻni asta botirdi.
— Koshak, bu bizning odam!
— Bekor aytibsan, bu itvachchalar hech qachon bizning odam boʻlishmaydi. Men Bifshteks uchun buni oʻldiraman, deganmanmi, demak, oʻldiraman. Mayli, hozir emas, ozgina yashasin, qutulib chiqsin, uyiga borsin. Oʻsha yerda... buning sassiq onasini oʻzining koʻz oldida tramvayga qoʻyaman... Keyin...

Keyin nima boʻlishini ayta olmadi. «Sassiq onasini...» deganidayoq Nuriddinning joni halqumiga keldi, «tramvayga qoʻyaman», deganida esa qalbida nafrat va gʻazab vulqoni portladi-yu, koʻz oldi qorongʻulashdi. Tomogʻiga pichoq tirab turilganini ham unutib, Koshakning naq qanshariga musht tushirdi. Nariga uchib tushgan Koshakni tepmoqchi boʻlganida Qoʻtos yoʻlini toʻsdi. Dam oʻtmay Koshak oʻrnidan turib, yerga sanchilib qolgan pichoqni yana qoʻliga oldi:
— Qoʻtos, qoch, bu itni menga qoʻyib ber! — dedi u xirillab.
— Faqat oʻzingni himoya qil, — Qoʻtos Nuriddinga qarab shunday dedi-da, oʻzi chetga chiqdi. Koshak esa oʻsha zahoti quturgan mushuk misol Nuriddinga tashlandi. Nuriddin uning hamlalariga chap beraverib, bir necha daqiqa sarson qildi. Hamlalari bekor ketgani sayin Koshak boʻralab soʻkar, betoʻxtov ravishda tupurar edi. Uning bu qiliqlari Nuriddinning joniga tegib, oxiri Koshakning pichoq tutgan qoʻlini moʻl turib, bilagiga qattiq tepdi. Nariga uchib tushgan pichoqni Qoʻtos oldi-da, tigʻini buklab, choʻntagiga soldi. Keyin qoʻlini changallaganicha tiz choʻkib oʻtirib qolgan Koshakka yaqinlashib, bilagini ushlab koʻrdi:
— Oʻlmaysan, singan boʻlsa tuzalib ketadi. Besh-oʻn kun qitmirlik qilmay oʻtira turasan.
— Men uni oʻldirmay qoʻymayman, — dedi Koshak, keyin Nuriddinga qarab baqirdi: — Ey, it! Endi sen oʻliksan, tushundingmi, oʻliksan!

Nuriddin tushundi. Bular «oʻliksan», deb hukm chiqarishdimi, demak, muddaoga yetishmaguncha tinchishmaydi. Demak, yashab qolishning yagona chorasi bor: uni oʻldirish!.. Nuriddin shu toʻxtamga kelgani bilan qarorini amalga oshirish yoʻl-yoʻrigʻini bilmas edi. Urushda boʻlsa ekanki, shartta qurol tepkisini bosib, oʻq yogʻdirib yuborsa. Bunda qurol yoʻq, musht bilan esa biron natijaga erishish qiyin. «Oʻychi oʻyiga yetgunicha, tavakkalchi toʻyiga yetibdi», deganlaridek, u biron yoʻl izlab topgunicha bular masalani hal qilib qoʻya qolishlari mumkin. Bugun kechasimi yo ertasigami, har holda choʻzib oʻtirishmasa kerak.

Kechasi ziyrak holda yotgan Nuriddin yanglishmadi. Hamma shirin uyquda ekanida Qoʻtos kelib «Mening oʻrnimga oʻtib yot», — dedi. Oradan bir soatlar oʻtgach, barak eshigi ochilib, Koshak yonida toʻrt yigiti bilan kirib kelib, toʻgʻri Nuriddin yotgan joyga qarab yurdi. Yigitlardan ikkitasi yotgan odamni Nuriddin deb fahmlab, imo-ishorasiz holda ikki oyogʻini tappa bosgani hamon, qolgan ikkitasi qoʻldan olishga ulgurmay, Qoʻtos qaddini koʻtardi:
— Koshak, yana xato ketding, men esam yanglishmadim,— dedi u ovozini pastlashga harakat ham qilmay.— Bolaga tegma, dedimmi, demak, tegmaysan. Joʻna endi!

Koshak soʻkinganicha chiqib ketdi.

Qoʻtos esa oʻtirgan yerida oʻyga toldi. Knyazning hibs-ga tashlanishi bilan Koshakning bu qadar quturishi sabablarini izlab topmoqchi boʻldi. Koshakning har bir bosgan qadamini kuzatib yurgan maxfiylar tongda Qoʻtosga kutilgan va kutilmagan xabarni yetkazdilar. Qoʻtos Koshakning Tursunalini siquvga olajagini gumon qilgan, ammo hibsxonadagi Tengiz huzuriga kirishini oʻylamagan edi. Qamoq lageriga Moskvadan odamlar kelishi, Knyazning qoʻliga kishan urilishi va Koshakning quturishi bir zanjir halqalari bilan bogʻlanganini fahmladi. Avvaliga «politbyuro»ni shoshqich ravishda toʻplamoqchi boʻldi. Biroq, oʻgʻrilardan yana qanchasi Koshak tomonda ekanini aniq bilmagani uchun bir oz kutishga qaror qildi.

Oʻgʻrilar olamida tugʻilib, voyaga yetgan, suyagi qotgan Qoʻtosning aqli bu safar ham oʻziga xiyonat qilmagan, voqealarni bogʻlab turgan koʻrinmas zanjir halqalarini aql koʻzi bilan koʻra olgan edi.

Talvasa

Omonullo bir varaq qogʻozni toʻrtga boʻldi-da, biriga «Samandar Ochilov», ikkinchisiga «Toshbolta», uchinchisiga esa «Matluba Toʻxtaeva», toʻrtinchisiga esa «kooperativ», deb yozib, soʻroq belgisi qoʻydi. Soʻng qarta chiylayotgandek aralashtirgach stol ustiga yoyib, bir narsa oʻqimoqchi boʻlayotgan folbinday tikilib oʻtirdi. Keyin Toshbolta zikr etilgan qogʻoz parchasini nari surdi. Dam oʻtmay Matlubaning ismi yozilgani ham chetga surildi. Shu oʻtirishida diqqati oshgandan oshib, toʻrtinchi qogʻoz parchasiga hisobsiz soʻroq belgilari chizib tashladi-da, chuqur «uf» tortdi. Ana shunday tarzda siqilib oʻtirgan chogʻida telefon jiringladi. Goʻshakni istamaygina quloqqa tutdi-yu, beixtiyor sapchib turib ketdi. Chetdan qaragan odam u telefon goʻshagini emas, adashib, qizib turgan dazmolni qulogʻiga tutdi-yu, kuydi, deb oʻylashi ham mumkin edi. Aslida esa Omonulloni sapchib turishga boshliqning xabari majbur etgan edi. Bir necha daqiqada suratchi, kriminalistlar guruhining boshqa yigitlari hovlida toʻplanishdi-yu, navbatchi mashinada Samandar Ochilovning uyiga yoʻl olishdi.

Uyning eshigi lang ochiq, qoʻllari kishanlangan Samandar mehmonxonadagi deraza yonida koʻchaga tikilganicha tek turardi. Qadam ovozlarini eshitib burilib qaradi-yu, Omonulloning nigohiga roʻpara boʻldi. Omonullo qoshu-kipriklarigacha malla boʻlgan bu odamga bir zum tikildi-da, soʻng uyda poyloqchilik qilgan hamkasbiga qaradi. Hamkasb yigit bu qarash zamiridagi savolni oʻqib qisqa tarzda axborot berdi:
— Xotirjam kelib qulfga kalit soldi. Eshikni ochib, ostonada bir pas qimirlamay turdi.
— Hech narsaga tegmadilaringmi? — deb soʻradi Omonullo atrofga bir razm solib.
— Yoʻq.
— Qoʻllarini boʻshat.

Samandar kishandan boʻshagan bilaklariga ma’yus tikilib qoldi.
— Oʻtiring, Ochilov, — Omonullo ikkita stulni bir-biriga qarama-qarshi qoʻydi-da, oʻzi derazaga orqa qilib oʻtirdi. Samandar otasidan tarsaki tushib qolishidan qoʻrqqan boladay hadiksirab turdi.

To uyiga yetib kelguniga qadar Samandarning ruhi goʻyo behisob chayonlar hukmida boʻldi. Uyida qandaydir noxushlik kutayotganini yuragi sezib, ezilgan boʻlsa-da, «militsiya xodimiga duch kelarman, ostona hatlashim bilan qoʻllarimga kishan solinar», deb oʻylamagan edi. Poyloqchi yigitga «Ochilov kelishi bilan qimirlatmaysan», deb buyurilgan, u Samandarning kimligidan bexabar boʻlgani sababli uni ashaddiy qotil gumon qilib, qoʻlini kishanlab qoʻya qolgan edi. Samandar esa buni uzil-kesil hukm deb tushunib oʻzidan ketayozdi.
— Oʻtiring, — dedi Omonullo bu safar qat’iyroq tarzda.

Samandar stulning suyanchigʻini ushlab astalik bilan oʻtirgach, Omonullo oʻzini tanitdi-da, soʻrogʻini boshladi:
— Moskvada hamisha koʻp qolib ketasizmi?
— Ishga qarab, — dedi Samandar unga tik qaray olmay, — ba’zan ertalab borib, kechqurun kelaman. Bu safar sal tobim qochdi...
— Nima boʻldi?
— Yoqmaydigan narsa yeganman shekilli... sal zaharlanibman.
— Sizni olim deyishdi... Nima bilan shugʻullanasiz?
— Buni aniq aytishim mumkin emas.
— Umumiy tarzda-chi?
— Umumiy tarzda... zilzilaga oid desam ham boʻladi.
— Bu ishga chet elliklar ham qiziqsa kerak?
— Bilmadim... balki qiziqar...
— Sizga birov shu ish boʻyicha taklif qilganmi yo...
— Yoʻq. Nega soʻrayapsiz?
— Dushmaningiz yoʻqmi, demoqchiman.
— Dushman... bilmadim... boʻlmasa kerak.
— Nafisa Boltaeva sizning ikkinchi xotiningizmi?
— Ha... — Samandar shunday deb nigohini olib qochdi.
— Hozir u qaerda?
— Bilmayman... uyda boʻlishi kerak edi.
— Oxirgi marta qachon, qaerda koʻrgansiz?
— Esimda yoʻq...
— Qiziq... xotiningizni qachon koʻrganingizni ham eslolmasangiz... Bizni bu yerda koʻrib hayron boʻlmadingizmi?
— Hayronman...
— Moskvaga ketishingizdan oldin bir polkovnik hamrohligida kelib uyingizga kirib chiqqansiz, qoʻlingiz nima uchun qon edi?

Bu savol Samandarning boshiga ogʻir gurzi misol urilib, tovoniga qadar zirillatdi, hushini yoʻqotib, aqldan ozgan devonaday baqrayib qoldi. Aftodavash bu odamning koʻzlariga Omonullo jon olgʻuvchi Azroil boʻlib koʻrindi. Oʻshanda polkovnik soʻraganida savol oʻqidan «shisha tilib ketdi», deb qutulgan edi. Hozir tiliga shu javob ham kelmay, soqov holida turaverdi. Omonullo savolni yana qaytargach: «esimda yoʻq, balki kesib olgandirman», deb gʻoʻdirandi.
— Chap qoʻlingizni kesuvdingizmi yo oʻnginimi?

Samandar ajablanib, qoʻllariga qaradi: darvoqe, qaysi qoʻli qon edi? Savol yana takrorlangach, «oʻng qoʻlim», dedi.
— Yaxshi, buni hali mutaxassislarimiz aniqlab berishadi. Nima bilan, qanday kesganingizni ham eslab turing. Endi asosiy gapga oʻtaylik: uyga kirganingizda kim bor edi?
— Bugunmi? — deb soʻradi Samandar.
— Yoʻq, oʻsha kuni.
— Hech... hech kim yoʻq edi.
— Xotiningiz, men ikkinchisini nazarda tutyapman, hozir qaerda?
— Bilmasam... uni toqqa olib ketsam, deb keluvdim.
— Shu gapingizga oʻzingiz ishonasizmi?
— Meni nima uchun bunday soʻroq qilyapsiz? Aybim nima?
— Aybim, dedingizmi? Sizning tilingizda bu «ayb» deyilsa, bizningcha «jinoyat» deb yuritiladi, — Omonullo shunday deb portfelidan murdalarning suratini olib koʻrsatdi. Samandar bir qaradi-yu, darrov koʻzlarini olib qochdi. — Qarang, nima uchun qaragingiz kelmayapti? Nima uchun ularni oʻldirdingiz? Rashk qildingizmi yo boshqa sabab bormi?

Samandar bu savollarni eshitgach, koʻzlarini katta-katta ochib Omonulloga qaradi. Omonullo uni kuzatib, bamaylixotir oʻtiraverdi, boshqa soʻz aytmadi. Mana shu qisqa muddatli sukut Samandarga ajal oʻqining azoblaridan ham battar tuyuldi. U oʻshanda oʻliklardan qoʻrqib qochgan edi, bu qochqinligi, bu qoʻrqoqligi evaziga «qotil» degan nishonga erishuvini oʻylab koʻrmagandi. Boʻyniga sirtmoq osongina tusha qolishi yetti uxlab, bir tushiga kirmagan edi. «Nima uchun oʻldirdingiz?» degan savol uy devorlariga urilib aks-sado beraverdi.
— Nima deyapsiz?... Men.. oʻldirganim yoʻq, — deb pichirlashi bilan dardini toʻsib turgan toʻgʻon buzilib, yigʻlay boshladi.

«Birinchi xotini toʻgʻri aytgan ekan», deb oʻyladi Omonullo.
— Siz oʻldirmagan boʻlsangiz... kim qilishi mumkin bu ishni?
— Bilmayman...
— Pichoq sopida barmoq izlaringiz bor, — Omonullo buni taxminiga asoslanib aytdi. Pichoq sopi, eshik tutqichi, temir javon, yana ayrim buyumlardagi bir xil iz Ochilovga tegishli, deb gumon qilingan edi. Gumon haqiqatga aylanishi uchun bir necha daqiqadan soʻng Samandarning barmoq izlari olinadi. Unga qadar esa taxminga suyanib ish koʻrish ham mumkin.
— Men oʻldirganim yoʻq, ishoning. Men kirganimda ular...
— Oʻlganmidi?

Samandar bosh irgʻaganicha goʻdak kabi yigʻlayverdi.
— Unda nima uchun «koʻrmadim» dedingiz?
— Qoʻrqdim...
— Nimadan... yoki kimdan?
— Oʻlikdan... oʻlikdan qoʻrqaman.
— Qiziq... siz qoʻrqsangiz, men qoʻrqsam, murdani kimdir koʻmishi kerak-ku? Oʻlikni koʻra turib qochib qolganingiz aqlga sigʻmaydigan ish. Deylik, siz qotil emassiz. Lekin kirdingiz, koʻrdingiz, xotiningiz bu ahvolda, yonida esa bir erkak. Tanirmidingiz uni?
— Yoʻq, yoʻq, tanimayman.
— Xotinim bilan oʻlib yotgan bu erkak kim ekan, deb qiziqib qaradingizmi oʻzi?
— Yoʻq... ochigʻini aytsam... qaradimu yuzini koʻrmadim. U... yuztuban yotgan ekan.
— Nima? Yuztuban? Adashmayapsizmi?

Samandar bir oz oʻylanib, soʻng aytganini takrorladi. Omonullo esa ajablanib chalqancha yotgan murdaning suratiga qarab oldi. «Agar bu oʻldirmagan boʻlsa, demak, qotil uyda edimi, u chiqib ketganidan keyin murdani oʻgirib qoʻydimi?» Omonullo bu masalada turli gumonlarga bordi. Biroq, bu ishni Toshbolta ham qilgan boʻlishi mumkin degan fikr unga xiyonat qil-di — gumonni oydinlashtirmadi.
— Demak, siz kirganda bular oʻlib yotishgan ekan. Eslangchi, pichoqdagi qon iliqmidi yo qotib qolganmidi?
— Iliq edi... seskanib ketdim, qoʻrqdim.
— Barmoqlaridagi uzuklarni, quloqlaridagi ziraklarni nega olib qoʻydingiz?
— Nima deyapsiz? Oʻlikdan yechib olamanmi?!
— Balki yechib olib seyfga qoʻygandirsiz?
— Siz... tuhmat qilyapsiz, meni kechiring...
— Unda seyfni nima uchun ochdingiz?
— Moskvaga olib boradigan hisob-kitob hujjatlarim bor edi. Shuni deb atay keluvdim. Boʻlmasa toʻgʻri uchaverar edim.
— Seyfning kaliti xotiningizda ham bormidi?
— Yoʻq. U yerda faqat mening qogʻozlarim turadi.
— Oching.

Sarosima toʻridagi Samandar choʻntaklarini paypaslab kalitni qidirdi. Soʻng diplomatini ochib yoʻgʻon kalitni olgach temir javonni ochdi-da, oʻzi ikki qadam chekindi. Omonullo temir javon ichida titilgan qogʻozlarga diqqat bilan razm solib ayrim sahifalardagi qonli dogʻni koʻrdi. Javonda pul ham, qimmatbaho buyum ham yoʻq edi.
— Qarangchi, hech nimangiz yoʻqolmaganmi?

Samandar narsalarni koʻzdan kechirib «hammasi joyida» degach, Omonullo ekspertlarni chaqirib qon tekkan qogʻozlarni ajratib olib, ularga bermoqchi boʻldi. Samandar bunga e’tiroz bildirgach, qogʻozning dogʻ qismini qaychida ehtiyotlik bilan qirqib olishdi. Shundan soʻng Omonullo Samandarni dahlizga boshlab chiqdi.
— Endi shoshilmay, bir boshdan aytib, koʻrsatasiz. Aytadigan har bir soʻzingiz yo foyda beradi yoki aksincha, oʻzingizga zarar keltiradi. Olim odam ekansiz, mayli, suhbatimiz boshidagi dovdiraganingizni kechiray, ammo bundan buyogʻiga esingizni yigʻib oling. Sizni «qotil» degim kelmayotgan boʻlsa ham dalillar baribir sizga qarshi turibdi. Demak, siz zinadan koʻtarilib chiqdingiz. Yoʻlda kimni koʻrdingiz? Roʻparangizdan notanish odam oʻtmadimi?
— Yoʻq... toʻxtang... ha, qoʻshni xotinni koʻrdim shekilli?
— Eshigingiz qulf edimi, uni kalit bilan ochdingizmi?
— Qulf... — Samandar shunday deb, xuddi qoʻlida kalit turganday kaftiga qarab oldi. — Ochiq edi shekilli... Ha, aniq... ochiq edi. Eshikdan kirishim bilan dimogʻimga gaz hidi urildi. Nafisaxonning gʻalati odatlari bor edi. Ikkita-uchta chovgumni eritib, oʻzlarini Xudo bir asragan. Qishloqda gazga oʻrganmaganlarda, chovgumni olovga qoʻyib esdan chiqarib ketaverganlar. Yana shunaqa boʻptimikin, deb oʻylabman. Xayolim gazda boʻlib, xavotirda oyogʻim ostiga qaramabman. Oshxonaga oʻtaman, deb bu... oʻlikka qoqildim...
— Yiqildingizmi?
— Yoʻ-oʻq... yiqilmadimu... lekin Nafisaxonga koʻzim tushdi.

Samandar Omonulloning buyrugʻiga itoat etib, murdalarning qay holatda yotganini koʻrsatib berayotganida suratchi chaqqonlik bilan suratga olib turdi.
— Xoʻp, xotiningizni siz oʻldirmabsiz, lekin pichoq sopini nega ushladingiz?
— Sugʻurib olmoqchi boʻlgandirman... Ha... lekin ushladimu tortib olishga qoʻrqdim. Keyin... gaz na-fasimni boʻgʻib qoʻydi. Derazani ochib, gazni berkitdim.

Omonullo ochiq derazaga qaradi. Dastlab bu oshxonaga kirganida ham deraza tabaqalarining ochiqligiga e’tibor bergan edi, ammo murdalarning hididan behalovat boʻlgan hamkasblar xonani shamollatish uchun ochgandirlar, deb oʻylagandi. Omonullo gaz plitasiga ham diqqat bilan qarab uchchala buragichning ochiq turganini koʻrdi. Samandar Omonulloning nazarini uqib, tezlik bilan izoh berdi:
— Men yuqoridan burab berkitdim. Oʻzimning odatim shu: uydan chiqadigan boʻlsam albatta yuqorisini burab oʻchiraman, shunisi ishonchliroq boʻladi. Nafisaxonga gapiraverib hech oʻrgatolmadim...

Chindan ham plita ulangan quvur belidagi buragich gaz yoʻlini toʻsgan edi. Bu Omonullo uchun katta jumboq boʻldi: «Nafisa Boltaeva ochsa bitta buragich buralardi. Bunda esa uchchalasi ochiq... Demak... toʻrtinchi odammi? Bu olim piqillab yigʻlayotgani bilan oʻz ishiga puxta boʻlsa-chi? Aybsizligini isbotlovchi dalillarni pishitib qoʻygandir balki?..»

Shu jumboq toʻriga oʻralayotgan damda Mels Xoʻjaev kirib keldi. Omonullo uni Samandarga tanishtirdi. Samandar beixtiyor tarzda «tanishganimdan xursandman», deb lutf qilib, qoʻl uzatdi. Faqat Mels Xoʻjaev emas, hatto Omonullo ham bunday tanishuvga endi duch kelishi edi. Jinoyatga aloqadorlikka gumon qilina-yotgan odamning prokuror bilan tanishgandan xursand-ligi bu soha odamlari uchun gʻalati tuyuluvchi hol edi. Yolgʻon manziratdan uzoq boʻlgan Samandar «tanishganidan xursandligini» chin dildan aytgan edi. Zero, u prokuratura vakili bilan jinoyatga oid qidiruv inspektorining vazifalarini aniq farqlay olmasdi. U olamga tatigulik olim martabasiga yetgani bilan huquq sohasida deyarli hech narsa bilmasdi. Hozir maxsus vakil emas, prokuratura bogʻboni yoki farroshi kelib siquvga olsa ham «menga savol berishga haqqingiz bormi?» deb oʻtirmay javob qaytaraverishi mumkin edi.

Samandarni oshxonada qoldirib, Omonullo Mels Xoʻjaevni mehmonxonaga boshlab oʻtdi-da, savol-javobning bayoni bilan tanishtirdi.
— Qoʻrqoqligi ayon, lekin qoʻrqoqning ham nayrangi boʻladi. Bu uyga begona odamning yashirincha kirishi mumkinmi? Harbiy sir hisoblangan ish bilan mash-gʻul odamni narigi idora nega qoʻriqlamas ekan? Bir surishtirib koʻrolmaysizmi?
— Soʻrab-surishtirdim, — dedi Mels Xoʻjaev magʻrur ohangda. — Faqat uning oʻzini poylasharkan.
— Tushunmadim?
— Agar uyda boʻlsa, uy atrofida boʻlisharkan. Uyda yoʻqligida kuzatishmas ekan. Togʻda boʻlgani uchun oʻsha kunlari qarashmabdi.
— Nima qildik? Hibsga olsak, jinoiy ish ochsak...
— Hozircha boshqarmadagi vaqtincha hibsxonaga tashlang. Boshqa idora aralashsa, oʻzlari bilishadi. Bosh-qacha ehtiyot chorasini qoʻllash mumkin emas.

Samandarning gaplarini eshita turib «shahardan chiqmaslik haqida tilxat olib, uyida qoldiraveraylik» degan fikr kelgan, ammo bu fikr zaif tuyulib, qaror darajasiga yetmagan edi. Mels Xoʻjaevning gapidan soʻng, «ma’qul» deb bosh irgʻadi.

Mels Xoʻjaev prokuraturada kutishayotganini aytib, iziga qaytgach, Omonullo deraza yoniga borib koʻchaga qaradi. Uning oʻyga tolganini koʻrib, Samandar «mening ishim bitdi shekilli, bu jinoyatga aloqam yoʻqligiga ishondi», degan xulosaga kelib:
— Endi ketaveraymi? — deb soʻradi.

Bu savoldan Omonullo ajablandi. «Esi joyidami bu odamning?» deb oʻylab unga tikilib qoldi.
— Qayoqqa ketmoqchisiz?
— Toqqa... u yerda kutishyapti.
— Kutishyapti?.. Kuta turishadi.
— Bu nima deganingiz? — koʻngli yomonlikni sezgan Samandarning ovozi titradi.
— Siz... masala oydinlashgunicha bizning... — Omonullo «hibsxonada oʻtira turasiz», demoqchi boʻldi-yu, fikridan qaytib yumshoqroq ohangga koʻchdi: — mehmonimizsiz...
— Qamaysizmi?
— Bizning vazifamiz qamash emas, jinoyatchini tutish. Sud degan idora bor, qamashadimi yo otishadimi, oʻshalar hukm chiqarishadi.
— Haqqingiz yoʻq... men jinoyatchi emasman. Keyin afsuslanasiz!
— Toʻgʻri aytdingiz. Keyinroq afsuslanmaslik uchun biz bilan birga boʻlib turasiz. Aybingiz boʻlmasa sizni hech kim ushlab tura olmaydi. Gunohsiz ekaninigizni isbotlash uchun esa vaqt kerak.

Bu gaplarni eshitib, Samandarning lablari titradi, koʻzlari pirpiradi-yu, yigʻlamadi, oʻzini tutdi — taqdiriga tan berdi.

Olti kishiga moʻljallangan vaqtinchalik hibsxonadagi derazaga yaqin karavotda bir yigit chordana qurganicha ovqatlanib oʻtirardi. Yozugʻlik dasturxon ustidagi oshu kabob, somsayu olma-anor, pomidoru bodringga qaraganda uning maishati chakki emasdi. Dasturxonni kim kiritgan boʻlsa ham yigitning hamxonalari nafsini nazarda tutgan koʻrinadi. Yigit Samandarni koʻrib, oʻrnidan turib soʻrashdi-da, dasturxonga taklif qildi. Samandar bu xonaga bir zumgagina kirgan odamday karavot chetiga omonatgina oʻtirdi. Yigit sermanzirat ekan, «oling, oling» deb undayvergach, Samandar noiloj kabob goʻshtidan olib ogʻziga soldi. Qorin och boʻlsa-da, luqmaning tomogʻidan oʻtishi qiyin boʻldi. Shunda yigit yostiq ostidan shisha chiqardi-da:
— Qittak-qittakka tobingiz bormi?— deb soʻradi.

Moskvadagi harbiylar shifoxonasida Samandarga ichish qat’iyan mumkin emasligini aytishgan edi. Ular ogohlantirishmasa ham aroqni oʻylasa koʻngli ayniydigan boʻlib qolgandi. Hozir esa yigitning taklifidan soʻng ichgisi keldi. Shisha ichida jilva qilayotgan suyuqlik uni darddan qutqaruvchi xaloskor boʻlib koʻrindi-da, «quying», dedi. Yigit piyolani toʻldirib uzatdi. Samandar ikki qultumdan ortiq icha olmay, qalqib ketdi. Piyolani dasturxon chekkasiga qoʻyib yigitga uzrli nigohi bilan qaradi. Yigit uni hijolatdan qutqarish uchun yana taomga taklif qildi.
— Olim odamga oʻxshaysiz, aka, siqilavermang. Boshga tushganni koʻz koʻradi, — dedi kulimsirab.

Samandar bu gapdan ajablanib, yigitga qarab qoldi.
— Ha, akaxon, menga tikilib qoldingiz? Qaysi baloga uchrabdi, deyapsizmi? — yigit Samandarning fikrini oʻqiganday kuldi. — Yosh yigit tuhmatga uchragandir, deyapsizmi? Yoʻq, tuhmat boʻlmadi. Oʻzim ahmoqman. Garovda yutaman, deb qoʻlga tushib qoldim. Kechgacha chiqib ketaman. Nari borsa ertaga ertalab qoʻyib yuborishadi. Suyanadigan togʻimiz ja-a mustahkam, ha!

Samandar garov bogʻlab qamoqqa tushish mumkinligini sira eshitmagani uchun ajablandi. Yigit esa kulganicha izoh berdi:
— Mening gulday hunarim bor, aka, hech qachon xor boʻlmayman. Men mashina oʻgʻrisiman. Lekin siz mendan qoʻrqmang. Aslida men oʻgʻrimasman. Men qulfni ochib beraman, boshqalar oʻgʻirlaydi. Qulfning ming xili boʻlsa mingtasini, million xili boʻlsa milliontasini ochib tashlayman. Oʻtgan kuni «qittak-qittak»ning ustida ogʻaynim bilan bahslashib qoldik. Oling, akaxon, sovumasin, ichib qoʻying, dardingiz yengillashadi. Xafa boʻlavermang. Bu yerning nomi xunuk, oʻzi yomon joy emas, bir-ikki kun dam olsa boʻladi. Shunday qilib oʻsha ogʻaynim bilan garov oʻynadim. Garovga yangi, moyi qurimagan «Gaz-31» tikildi. Shunaqa mashinadan kechadigan ahmoqmasman-ku, toʻgʻrimi? Bir uyga bexitgina kirib, seyfni ochib, kalitni olib, mashinani ochib berishim kerak ekan. Ha, mashinaga ham, garajiga ham chet eldan olib kelgan allambalo qulf oʻrnatilgan ekan. Shu ham menga ish boʻlibdimi? Lekin ogʻaynim nomardlik qildi. Qorongʻida qaramagan edim, orqada ment yashirinib yotgan ekan. Gʻip tomogʻimdan olib, shu yerga tashladi. Xuddi kinodagiga oʻxshaydi, toʻgʻrimi? Menga-ku baribir, oʻsha ogʻaynimga qiyin boʻldi-da. Oling, okaxon, oxirigacha ichib qoʻying, dunyoning tagiga yetasiz. Bir pasdan soʻng yana dasturxon kiradi, qarab turasiz. Oshna-ogʻaynilar omon boʻlishsin, meni xorlatib qoʻyishmaydi.

Bu gapni Samandar «sizda ham oshna-ogʻayni bormi?» degan savol ma’nosida tushundi. Ilgari xayoliga shunday savol kelmagan ekan. «Boshimga tashvish tushsa dalda beruvchi doʻstim bormi?» deb fikr qilgan Samandar hozir oʻzini sahro oʻrtasidagi yakka daraxt kabi his etdi. Endi bu daraxt suvsab, oftob nurida qovjiraydimi? Bu yigit bir necha soatdan soʻng chiqib ketishini bilyapti. Samandar esa hibsxonada necha kun yoki necha yil boʻlishidan bexabar. Bu yer bir necha kunlik qamoqxona ekanini, ayb sirtmogʻi boʻyniga astoydil solinadigan boʻlsa boshqa joyda alamlar tuzini totmogʻini ham bilmaydi. Uni hozir iztirobga tashlayotgan narsa — oʻn yil yotsa ham, hatto qotil deb otib tashlansa ham birov bilmay qolishi mumkin. Bilganda ham afsuslanmasligi, kuymasligi aniq. Opa-singillarining kelishi ham mahol. Ular oʻz oilalari, oʻz tashvishlari bilan band. Bu shaharga hali biron marta ham kelmagan toʻngʻich opasining turmush tashvishlaridan ortib, qamoqdagi ukasini yoʻqlashini tasavvur qilish qiyin. Qishloqqa ikki yildan beri bormayotgani inobatga olinsa, mehr-oqibat iplarining zaiflashib, balki chirib, uzilishga moyil boʻlib qolgani tabiiydir. Amakivachchalariyu xolavachchalari bilan qachondan beri bordi-keldi qilmasligimni hatto eslay olmaydi.

Sermanzirat yigitning gaplaridan keyin xayolini oʻzidan uzoqlashgan doʻstlari, qarindoshlari toʻla egallamadi. Oʻzini yoʻqlovchi mehribon yoʻqligidan bir oz oʻksindi-yu, soʻng boʻlajak taqdirini oʻyladi. Yigitning manziratlari ham, ezmaligi ham yoqmay qoldi. Uzr aytdi-da, eshikka yaqin karavotga oʻtib, choʻzildi. Yigit ham nafsini qondirib boʻlgach, taomlarni dasturxonga oʻrab qoʻydi-da, boʻsh karavotga oʻtib yotdi. Yotgan joyida kerishib, rohatlandi. Dam oʻtmay yengil xurrak ota boshladi.

Samandar esa shu topda oʻz siriga mahram boʻla olguvchi odamga hojat sezdi. Ahbobga muhtojlikning qamoq azoblaridan ham battarroq ekanini fahmladi. Odamning fojiasi oʻlim emas, vohidlik ekanini anglab yetmoq mushkul. Odam bolasi istaydimi-yoʻqmi, qochmaydimi yo qochadimi farqsiz — oʻlim sharobini ichadi. Vohidlik esa oʻzining ixtiyori bilan yuzaga keluvchi ofatdir. Hozir Samandar bu ofatning tariqday mevasini totdi. Bir necha soatdan soʻng tamaki hidiga toʻlib ketgan bu dim xonani tark etib uchoqqa oʻtirganida, Moskva sari uchganida esa bu azoblarni, bu fojialarni yana unuta boshlaydi.

Hozir esa hamqishloq doʻsti Tursunali bilan shaharda uchrashib qolgan onlarini la’natlay boshladi. Moskvalik mehmonlar bilan restoranda oʻtirganida maishat qilish maqsadida kirgan oshnasi bilan uchrashgan edi. Keyin sovxoziga taklif qildi. Bogʻda maishat qilishdi. Choy koʻtarib kirayotgan Nafisaga suqlanib qaradi. Bu qarashning ma’nosini uqqan Tursunali shu tunning oʻzidayoq kayfi oshgan doʻstining nafsini qondirish choralarini qildi. Chora amal berdi-yu, oʻsha tun bahonasida Samandar xotinlik boʻlib oldi. Endi esa... oʻsha tunni ham la’natladi...

Umrining turli nuqtalariga la’nat toshlari otib oʻtirganida eshik ochilib soqchi kirib keldi-da, yigitni turtib uygʻotgach:
— Qoʻlingni orqaga qil! — deb buyurdi.
— Nega endi okaxon? — dedi yigit uyqusiragan holda.

Soqchi unga javob bermay qoʻlini qayirib kishanladi-da:
— Endi uka, shahar turmasiga koʻchadigan boʻlding. Prokuror senga ish ochganga oʻxshaydi, — deb afsusini bildirib qoʻydi.
— Menga ish ochadimi, menga ish ochadigan prokuror hali onasining qornida yotibdi!
— Boʻldi, baqirma, yur, — soqchi shunday deb uni yelkasiga turtib, olib chiqib ketdi.

Ozod boʻlishga ishonchi komil boʻlgan yigitning ahvoli shu boʻlganidan keyin Samandarning ahvoliga maymunlar yigʻlamasmikin? Samandar shu fikrda ezilib yotganida yana eshik ochildi, ammo soqchi emas notanish bir yigit kirib salom berdi-da:
— Oʻrtoq Ochilov, yuring, anglashilmovchilik boʻlibdi, — dedi.

Shu anglashilmovchilik tufayli, Samandar kutganidek uning holiga maymunlar yigʻlamaydigan boʻlishdi.

Samandar hibsxonada ezilib oʻtirganida Omonullo Nafisa bilan Sanjar ishlagan kooperativga yana bordi. Bu korxona moliyaviy ahvolining tekshiriluvi Omonulloga zarar yetkazdi: xodimlar u bilan yanada choʻchibroq gaplashishdi. Oqibatda Nafisa bilan Sanjar munosabatlarini oydinlashtira olmadi. Nima uchun uyga borganlari u uchun mavhum boʻlib qolave-radi.

Ertalabdan beri quyosh bilan berkinmachoq oʻynayotgan oʻrkach-oʻrkach bulutlar osmonu zaminga hukmronlik oʻtkazish qasdida birlashmoqqa kirishgan edilar. Oftob nuridan bebahra yer yuzi momaqaldiroqlarni kutib dim boʻlib oldi. Azaldan dim havoga toqatsiz Omonulloni ter bosdi, nafas olishi esa ogʻirlashdi. Qoʻnalgʻadagi joyidan jilayotgan avtobusni koʻrib hushtak chalgan edi, haydovchi insof qilib toʻxtadi. Omonullo oldingi qatordagi boʻsh oʻrindiqqa oʻtirishdan oldin oynani yon tomonga surib, ochdi. Shabada iliq boʻlsa ham koʻkragiga rohat berdi. Boʻyniga oq chit roʻmol tashlab olgan haydovchi radio ovozini balandlatib, ashulaga mast boʻldi. Toʻylarni gullatayotgan bu qoʻshiq Omonulloga ham ma’qul kelib, xufton dili jindek yorishdi. Ashuladan soʻng bir shoir bosiq, dardli ovozda she’r oʻqiy boshladi:
— Qaytayapman, oʻzimni koʻmib...

She’rning birinchi satriyoq Omonulloning diqqatini oʻziga jalb qildi:

Togʻlar — gʻarib, bogʻlar — tashlandiq.

Men koʻmilgan tuproq it boʻlib

Yuzlarimni yalay boshladi.

Bu satrlarni eshitib Omonulloning eti seskandi. Haydovchi radio ovozini pastlagan edi, «Ogʻayni, eshitaylik!» deb iltimos qildi.

Ey soʻqir zot, koʻzlaringni och!
Koʻzlarimda qonim qaynaydi.
Qaro kiygan qaro qayragʻoch
Bu kun mendan tona olmaydi.
... Siynalari pajmurda, zahil
Daraxtlarga termular ayol...

Tiriklik holida koʻrinmagan Nafisa nechundir Omonulloning nigohi oldida gavdalandi: oʻlik ayol emas, koʻzlari ochiq juvon koʻrindi. Dardli nigohi, savolli nazari bilan qaradi: Nafisaning koʻzlari «Meni kim oʻldirdi? Nima uchun oʻldirdi?» deb soʻrar, radioda esa shoir boʻgʻilib she’r oʻqirdi;

Odam — hissiz buyuk haqiqat,
Odam — goʻrda tirilgan armon...
Odam — qatra zardobrang hasrat...
Odam — beun, besukun xayol...
Odam — boshi kesilgan bulut...
Odam — ogʻir oyoqli Ayol...
Odam — armon va...
Odam — umid...
Omonulloning koʻz oldida oʻsha savolli nigoh: «nima uchun meni oʻldirdilar? Gunohim nima edi?» Omonullo buni bilsa edi, aytardi. Holbuki bilmaydi, alhol uning asosiy vazifasi buni bilish ham emas. U eng avvalo «kim oʻldirdi?» degan savolga javob topishi zarur. «Gunohim nima edi?» degan savoliga esa Nafisa qiyomatda javob oladi... Hozir esa Omonulloning xayolini shoirning dardli ovozi band etgan:

... Xayr endi, mening xazonim,
Tanho goʻrga sigʻdik ikkimiz.
Yigʻlayotir, kuylayotir jim,
Joni kuzda chiqqan jismimiz.
Xayr endi, mening yaprogʻim,
Bir dunyoga sigʻdik hammamiz.
Yosh toʻkmasin biz uchun hech kim —
Biz qaytamiz,
Bir kun qaytamiz.
Xayr endi…
She’rdan soʻng dardli kuy berilib, Omonulloning koʻngliga xazinlik ega chiqdi. Shu xazinlik hukmida ishxonasiga qaytdi. Navbatchi yigit uni kutilmagan noxush xabar bilan qarshi oldi: kimdir qora «Volga»da kelib, Samandarni olib ketibdi. Xoʻjayin Omonulloni kutayotganmish...

Boshliq huzuriga kirmasidanoq Omonullo Samandar Ochilovni kim olib ketganini taxmin qildi. Shunday boʻlishini kutgan edi, ammo kutgani bu qadar tez amalga oshuvi uning aqlini shoshirdi. Boshliq Omonulloga hayratomuz yangilik aytmadi — uning gumonini tasdiqladi xalos. «Ishga tikib qoʻy», deb bir varaq qogʻoz uzatdi. Samandarning shahardan chetga chiqmay turishi haqidagi tilxatiga Omonullo e’tiborsiz qarab qoʻyib chiqib ketmoqchi edi. Boshliq toʻxtatib, soʻradi;
— Boshqalardan gumoning yoʻqmi?

Omonullo darrov javob qaytarmadi. Kooperativ boshligʻi bilan Matluba Toʻxtaevaga oid ojiz gumonlarini aytgisi kelmadi. Shu bois bir oz oʻylanib turib:
— Dalillar yetarli emas, — deb qoʻydi.
— Ochilov ekanini isbot qilib bera olarmiding?

Begona uy ostonasiga qadam qoʻyayotgan odam ichkaridagi jihozlarni ta’rifu tavsif qilishdan ojiz boʻlganidek, Omonullo bu savolga javob berishga qodir emasdi. Boshliq uning ahvolini sezib, javob talab qilmadi, aksincha dalda berdi:
— Boʻpti, ishingni davom ettiraver. Biror gap chiqsa, huzurimga kirarsan. Sen xafa boʻlaverma. Uni bir marta soʻroq qilishga ulguribsan, shu ham katta gap! Agar dalillar Ochilovga qadalib qolaversa... sen zoʻriqma... biz ilojsizmiz. Boraver...

Bir necha kun avval Samandarning ishxonasidagi suhbatda «qonun oldida hamma teng», deb katta ketgan Omonulloning quloqlari ostida tepakalning «hayotda esa, azizim, butunlay boshqa. Shuni hali ham tushunib yetmadingizmi?» degan gaplari jarangladi. Omonullo oʻzini ogʻzidagi luqmasini oldirib qoʻygan anqov holida deb hisoblamadi — oʻksinmadi.

Omonulloning ish uslubi hamkasblaridan ozgina farq qilardi: u biron jinoyatga aloqador deb ikki kishidan gumon qilsa, uchinchi, noma’lum odam uchun ham joy qoldirardi. Mazkur uslub foyda bergan damlar ham boʻlgan: gumondagilar ozod qilinib, moʻljalda yoʻq noma’lum odamning iziga tushilgan. Agar Samandarning gaz masalasidagi gaplari nayrang mahsuli boʻlmasa, Omonullo kalavaning bir uchini topdi, deyish mumkin. Kimdir chindan ham gazni ochib qoʻygan boʻlsa, demak, oʻsha «kimdir»ni qidirish kerak. Samandar Ochilovga da’vo yoʻq — oʻlikni koʻrib qochgan odam jinoyatchi hisoblanmaydi. Xotinining oʻligini koʻmmasa ham, dafn etilgan yerini ziyorat qilmasa ham jamiyat ayblamaydi. Bularning ajri ham qiyomatda beriladi.

Omonullo xonasiga qaytib joyiga oʻtirdi-da, stol gʻaladonidan ismlar yozilgan qogʻoz parchalarini olib, yana folbin kabi yoydi. Keyin toʻrtinchi qogʻozdagi soʻroq belgilari yoniga undov belgilari qoʻygach, «Samandar Ochilov» deb yozilgan varaqni chizib-chizib tashladi-da, jahl bilan gʻijimlab, yelimtoʻrsavatga uloqtirdi. Koʻzlarini yumib, behol odam kabi harakatsiz oʻtirdi. Keyin oʻrnidan turib gʻijim qogʻozni olgach kaftlari bilan silab, tekislab joyiga qoʻydi.

Derazaga oʻrnatilgan sovutgichdan iliq havo ufurilayotganday nafasi boʻgʻilib, tashqariga chiqdi. Hovlida harakatsiz turishidan bir ma’no koʻrmagach, koʻchaga yoʻnaldi. Bozorga borib qogʻoz xaltani toʻldirdi-da, shifoxonaga qarab yoʻl oldi. Opasining ahvoli yaxshilangani uchun umumxonaga oʻtkazilgan ekan, kirib uni ziyorat qildiyu soʻng otasini, shu bahonada qaynona-qaynotasini ham yoʻqlashni maqsad qildi.

Hovliga suv sepib salqinlatgan Bobomurod Omonullo kirib kelganida boʻy choʻzib qolgan rayhonlarning gullarini chimdib uzayotgan edi. Tutingan oʻgʻlini koʻrib chehrasi ochildi. Bu dunyoda bir tutingan singlisiyu bir tutingan oʻgʻliga suyanib yashayotgan Bobomurodning quvonishi uchun koʻp narsa zarur emas: singlisining ochiq yuz bilan gaplashib oʻtirishi yoki Omonulloning eshikdan kirib kelishi uning uchun baxtli daqiqalar hisoblanardi.

Omonullo ichkari kirishga unamay ikki qulochli uzun taxtadan yasalgan oʻrindiqqa oʻtirdi. Bobomurod ichkari kirib likopchada gilos koʻtarib qaytdi-da, Omonulloning yoniga oʻtirib, likopchani oʻrtaga qoʻy-di, Omonullo otasining koʻngli uchun gilosdan totib koʻrdi.
— Opangni Xudo bir qaytib berdi, hozir tuzuk. Dardini ichiga yutaverib, yutaverib yuragini abjaq qilib tashlagan.
— Kirib koʻrdim, ruhlari tetik.
— Balki shu bahona boʻlib anavi kasallaridan ham qutulib ketar, a?
— Kim biladi?..

Omonullo shunday deyishga dedi-yu, tilini tishladi. Otasi umid bilan soʻragan edi, «Ha, tuzalib ketadi», desa bu umid quvvat olardi. U esa mujmal javobi bilan oʻsha umidni ham boʻgʻa qoldi.
— Shunaqa hodisalar boʻlgan, eshitganman, — dedi-yu, ammo fursat oʻtgan, umid chinnisi allaqachon yerga tushib, darz ketgan edi. Keyingi gap darzni chegalagani bilan izni yoʻqotmasdi.
— Oʻzing qalaysan? Ishingning mazasi yoʻq shekilli, a?
— Ishlab yuribman...
— Menga qara-chi? — Bobomurod shunday deb uning koʻzlariga tikildi.

Yoʻq, Omonullo bu oʻtkir nigohga dosh berolmaydi. Dastlab uchrashganida ham qaray olmagan.

Oʻshanda ovozi rasta boʻlayotgan yoshda edi. Qoʻshni sinfdagi qizga koʻngil qoʻydi. Yursa ham, tursa ham faqat oʻsha qizni oʻylardi. Hatto ota-ona sogʻinchini ham unutgan edi. Qizlar bayrami yaqinlashib, uni sov-gʻa masalasi qiynab qoʻydi. Uning nazarida bayram sovgʻasi barcha muammolarni hal qilib berishi lozim edi. Yechilajak muammolardan biri — qizdan hech boʻlmaganda bittagina oʻpich olishga erishmoqlik edi. Aynan shu birinchi oʻpich umid daryosini toʻsib turgan toʻgʻonni buzar, visolning nurli choʻqqisini in’om etar edi. Ammo... ota-onasidan ajrab yetimxonaga tushgan oʻsmirda pul nima qilsin? Oʻylay-oʻylay chorasini topdi: umrida bir marta, ha, faqat bir martagina oʻgʻirlik qilish ahdi bilan avtobusga chiqdi. Qaysi choʻntakda pul borligini aniqlash san’atidan mahrum bu bolaning oʻsha kuniyoq qoʻlga tushib, qamalib ketishi hech gap emas edi.

Oʻsha kuni, oʻsha daqiqada, xuddi oʻsha avtobusda Bobomurod ham bor edi. Uning ziyrak nigohi qoʻnalgʻada javdirab turgan Omonulloga tushganidayoq, bolaning shum niyatini payqadi. Shu sababli odamlar orasidan oʻtib, orqa eshikka yaqinlashdi-da bolaning yoniga turib oldi. Omonullo titroq qoʻllari bilan duch kelgan choʻntakka tushmoqchi boʻlganida bilagidan mahkam ushladi-da, avtobus toʻxtagunicha qoʻyib yubormadi. Avtobus toʻxtagach, «qani, yur», dedi-da, bolani qariyb sudrab tushdi. Qoʻrqib ketgan Omonullo qarshilik bildirolmadi. U «milisa ushlab oldi, tamom, endi qamaydi», deb oʻylagan, oʻgʻrining qoʻliga tushgani xayoliga ham kelmagan edi.

Bobomurod uni bogʻ tomon boshlab borib, oʻzi oʻrindiqqa oʻtirdi-da, bolaning koʻziga tikildi:
— Qani, menga qara-chi, faqat toʻgʻrisini ayt, nimaga oʻgʻirlik qilmoqchiyding?

Omonullo piqillab yigʻlay boshladi.
— Oʻchir! Mishigʻingni art! — deb doʻq urdi Bobomurod. — Soqol-moʻyloving chiqib qolibdi-ku, erkakmisan oʻzing?! Nimaga yigʻlyapsan?
— Qoʻlimni qoʻyib yuboring...

Qoʻyib yuborish oʻrniga Bobomurod uning bilagini yanada qattiqroq qisdi:
— Ayt, deyapman: nimaga birovning choʻntagiga tushmoqchi boʻlding?
— Tushmoqchimasiydim.
— Sen oʻgʻil bola boʻlsang — mard boʻl, toʻgʻri gapdan qochma. Toʻgʻrisini aytsang, qoʻyib yuboraman, aldamoqchi boʻlsang — oʻzingga qiyin. Shu qoʻlingni avval kuydirib, keyin terisini shilib olaman. Kissavurning jazosi shu boʻladi. Aslida-ku, kesish kerak, mayli, yosh ekansan, ayayman, kuydirib qoʻyaqolaman.

Bobomurod xuddi shu ishga jazm qilganday ishonarli ohangda aytib, bolaning esxonasini chiqarib yubordi.

Omonullo bu odamdan osonlikcha qutula olmasligini anglab, yigʻlamsiragan holda:
— Oyim ogʻir kasallar, doriga pul yoʻq... — dedi.

U ham oʻz xayolida bu gapni ishonarli ohangda aytgan boʻldi. Titroq ovozi ishontirishga undasa-da, koʻzlari alday olmadi.
— Qani, menga qarachi, — dedi Bobomurod, bolaning dahanini ushlab. — Yana yolgʻon gapiryapsanmi? Mening koʻzlarimga bir qaragin: bular koʻz emas, rent-gen. Toʻgʻrisini aytsang, kerakli pulni oʻzim beraman. Oʻgʻil bola gap — shu!

Omonullo yana bir marta aldagach, Bobomurod uning yuziga tarsaki tortib yubordi.
— Sen oʻgʻri emassan, sen qoʻrqoqsan, sen hezalaksan! Oʻgʻirlik ham qoʻlingdan kelmaydi!

Bu gaplar Omonulloning qoʻrquvdan yarador qush kabi potrayotgan yuragiga dalda boʻldi-da, toʻgʻrisini ayta qoldi. Ammo shunda ham qoʻli boʻshamadi.
— Endi qoʻyvoring, — dedi yalinib.
— Hali bizning savdomiz pishmadi, bola-paqir. Senga va’da berdimmi, demak, bajaraman. Qoʻlinga-ku, pul bermayman. Magazinga boramizu koʻnglingga yoqqan narsani koʻrsatasan, narxiga qaramaysan, million soʻm boʻlsa ham olib beraman, oʻgʻil bola gap bitta boʻladi! Ungacha bitta-ikkita narsani soʻrayman, javob berasan: nima uchun otangga yo onangga aytmading, yo uyaldingmi, a?

Ota-onasiga doir har qanday savol Omonullo uchun gʻoyat ogʻir yuk edi. Yetti yoshida yetim qolganini aytish chogʻida goʻyo uning yuragi toʻxtab qolganday boʻlaverardi. Otasi bilan onasi ishdan qaytayotganda tushgan avtobus muzlagan yoʻlda tiygʻanib, chuqur jarlik tubida oquvchi anhorga qulagan, ularning murdalari ertasiga chiqarib olingan, er-xotinning jasadi uyda bir kecha «mehmon» boʻlib, tongda yerga qoʻyilgan edi. Beli bogʻlangan yetti yoshli Omonullo ikki tobut oldida boʻzlab borgandi.

Hozir notanish odamga shularni aytib berishi kerakmi? Ogʻir boʻlsa ham aytgisi keldi. «Rahmi kelib qoʻyib yuborar» degan niyatda uzuq-yuluq soʻzlar bilan holini bayon qildi. Amakisinikida yarim yil yashab, soʻng bolalar uyiga berilganini ham yashirmadi. Bu safar Omonullo adashmadi: chindan ham Bobomurodning unga rahmi keldi. Chap qoʻli bilan boshini siladi-da, yoniga oʻtirgʻizdi.
— Sen faqat qochib ketma, bola-paqir, — dedi horgʻin ovozda, — men milisa emasman. Teringni ham shilmayman. Shunchaki seni qoʻrqitish uchun aytgandim. Agar rost gapirayotgan boʻlsang, hayoting menikiga oʻxshab ketarkan. Men ham senga oʻxshab gʻirt yetimman. Sen bir pas qimirlamay oʻtir. — Bobomurod shunday deb sigaret tutatdi.

Dastlab «bola oʻzi istab shu koʻchaga kiryapti, shogirdlikka bop ekan», deb oʻyladi. Sigareta chekib boʻlgach, doʻkonga borib, sovgʻani olib berdi, soʻng Omonulloni bolalar uyiga kuzatib qoʻydi. Eshik ogʻ-zida:
— Biron nimaga muhtoj boʻlsang, menga ayt, — deb tayinladi. Keyin: — agar xohlasang, meni «amaki», de. Xohlasang, tarbiyachilaringdan soʻrab uyimga olib ketay, bugun mehmonim boʻl, — dedi.

Omonulloga bu taklif ma’qul keldi. Omonullo «bu odamning ota-onasi ham bir kunda halok boʻlishgan ekan», deb oʻyladi. Bobomurodning oʻsmir chogʻida ilk marta qamalganida isnod oʻtida kuygan ota-onaning bir yil ichida oldinma-keyin qaytish qilganini ancha keyin, aniqrogʻi, Fotimaga uylangach, qaynotasidan eshitib bildi. Bobomurodning oʻgʻri ekanini esa bu xonadonga ikkinchi marta kelgan tuni tasodifan bilib qoldi. Yarim tunda behos uygʻonib, sherigi bilan maslahatlashayotgan Bobomurodning gaplariga quloq tutdi. Avvaliga qoʻrqdi. Ertalab nonushta ham qilmay qochvormoqchi edi, Bobomurod qoʻlini ushlab, toʻxtatdi:
— Hech qachon birovlarning gaplariga oʻgʻrincha quloq solma, xoʻpmi? — dedi poʻpisa ohangida. — Gap poylamasang ham kimligimni oʻzim aytardim. Men gʻirrom oʻynaydigan dayuslardan emasman.
— Endi men ham oʻgʻri boʻlamanmi?

Kechasi bilan oʻylab chiqqan shu gapini aytishi bilan yuziga zarbli tarsaki tushdi. Soʻng Bobomurod sochini changallab tortdi. Omonulloning koʻzlarida tirqirab yosh chiqdi.
— Kim aytdi buni senga, ahmoq! Bilib qoʻy: sen oʻgʻri boʻlmaysan, oʻqiysan, sen odam boʻlasan!

Bobomurod shunday degach, Omonulloning sochini qoʻyib yubordi. U «Sening odam boʻlishing uchun hamma narsadan voz kechaman, hatto hunarimni ham yigʻishtiraman», demoqchi boʻldi-yu, «bola buni tushunmaydi», degan fikrda tilini tiydi-da, «Oʻtir, choyingni ich!» deb buyurdi.

Chindan ham Omonulloni deb oʻgʻirlikni tashlamoqchi edi. To qamalguniga qadar ahdida turolmadi. Qamalgach, ozodlikda qolgan sheriklariga xat chiqarib, Omonullodan xabar olib turishni tayinladi. Qamoqdan boshqa hunar qilish ahdi bilan chiqdi. Yoʻlda Ayolni uchratgach, bu ahdi qat’iylashdi.

Omonullo mustaqil ish boshlaganida Bobomurod unga maslahatlar berib turdi. «Tabib — tabib emas, boshidan oʻtgan — tabib», deganlaridek, jinoyat olamining nozik yerlarini Bobomurod yaxshi bilardi.
— Menga qara-chi, menga qara, deyapman, — Bobomurod oʻng qoʻli bilan Omonulloning iyagini ushlab, koʻzlariga tikildi: — Ishlaring «besh»ga oʻxshamayapti, bola-paqir?
— «Besh» boʻlmasa, «toʻrt»dir-da, — deb hazillashmoqchi boʻldi Omonullo.
— «Toʻrt»ga ham tortmaydi. Qanaqa ish koʻryap- san?
— Qotillik. Ikki kishi oʻldirilgan.

Omonullo shunday deb ishning bayoni, gumonu taxminlarini ma’lum qildi.
— Hali ham xomsan, — dedi Bobomurod bir-ikki savol berib, javob olgach. — Sen, bola-paqir, oʻqishda yo yomon oʻqigansan, yo darslardan qochib yurgansan, yo eski pichoqqa sop ham boʻla olmaydigan domlalardan ilm olgansan. Har holda boʻsh kallang, boʻshligicha qolgan. Menga oʻsha uyni bir koʻrsatmaysanmi?
— Mumkin emas.
— Men sendan «mumkinmi yo mumkin emasmi?» deb soʻraganim yoʻq. Odam boʻlaman desang, harakatingni oʻsha «mumkin boʻlmagan» ishlardan boshla. Sen menga uyni koʻrsat, men sening xomligingni isbotlab beraman. Tur, ketdik.

Tutqunlik (qotillikdan avvalroq sodir boʻlgan voqea)

Koshak Qoʻtosga «xushxabar» yetkazgan, soʻng Nuriddinga hamla qilayotgan paytda Tengiz hibsxonada moskvalik yigit soʻroqlariga javob berayotgan edi.

Ularning savol-javoblari dastlab samimiy suhbat tarzida boshlandi:
— Ahvollar qalay, knyaz? — dedi yigit kulimsiragan holda. — «Knyaz» deb yanglishmadimmi?

Tengiz unga duch kelishi bilan boshdan-oyoq razm solib, kimligini aniqlamoqchi boʻldi: kiyinishidagi orastalik, oʻzini kibrli tutishi, ayniqsa qarashidagi bezovtalikdan bildiki, u jiddiyroq idoradan. Boshliqqa qarab, mensimagan holda «siz boʻshsiz», deb qoʻyishi taxminini tasdiqladi. «Suhbat»ning jiddiy boʻlishini fahmlagan Tengiz uning kulimsirashiga mos jilmayish bilan javob berdi:
— Yanglishmadingiz, knyazman.
— Bu sizning laqabingizmi?
— Yoʻq, bu mening martabam, men knyazlar avlodidanman.
— Qiziq, Dogʻiston tarixida knyaz Alievlar borligini olimlar bilishmas ekan-da?
— Men ona tomondan knyazman. Knyaz Ibrohimbekning avlodiman.
— Shundaymi? — yigit bu yangilikdan ajablanmay, bamaylixotir ravishda sigaret tutatib, Tengizni ham lutfan siyladi. — Siz sanqi oʻgʻrilardan emassiz, Aliev, oʻqigan odamsiz. Moddiyunchilik nuqtai nazaridan qarasak, tomiringizda knyazlar qonining oqishi sariq chaqalik gap. Aksilmoddiyunchilik nuqtai nazaridan qarasak esa, nasli toza odamning pastkash oʻgʻri boʻlishi aqlga toʻgʻri kelmaydi. Bu falsafaga nima deysiz?
— Kitobdagi falsafa hayot falsafasiga toʻgʻri kelavermaydi. Hayot qonunlarini falsafa vujudga keltirmagani qanchalik rost boʻlsa, falsafani odamlar yaratgani shunchalik haqiqatdir. Odamlar esa adashuvchilardir.

  

— Hayot qonuni yanglishmaydimi?
— Yoʻq. «Biz olam kitobini yanglish oʻqiymizda, «u bizni aldaydir», deymiz.
— Shundaymi? Hali ham durust ekansiz falsafaga.
— Bu mening gapim emas, hindlarning Thakur degan yozuvchisi boʻlgan, eshitganmisiz?
— Boʻlsa bordir. Aytingchi, knyaz, tun bilan kun oʻrnini almashtirish mumkinmi? Mumkin emas, a?
— Mumkin boʻlganda nima hodisa yuz beradi? — dedi Tengiz. — Yana oʻsha kun, yana oʻsha tun.
— Ha, ana endi oʻzingizga keldingiz. Siz «olam kitobini yanglish oʻqiymiz», deb turibsiz. Holbuki, aslida hammasi yanglish tuzilgan. Dunyo asli makr poydevoriga qurilgan imorat.
— Sizdan bunday gap eshitish menga gʻalati tuyul-yapti, — dedi Tengiz. — Biz, sharqliklarda makkor-lik — ojizlar ishi, deyiladi. Siz dunyoni ojiz qilib qoʻyyapsiz.
— Ha. Siz ana shu ojizlikdan foyda koʻrmaysizmi?
— Men?
— Ha, aynan siz va sizning hamtovoqlaringiz.
— Bizga xos olam bilan, siz yashayotgan olam bir xil falsafaga, bir xil hayot qonuniga boʻysunmaydi.
— Bilaman. Siz «insonlar taqdirini faqat biz hal etishga haqlimiz», deb da’vo qilasiz. Hech mahal itbaliq osmonga ustun boʻladimi? Hatto nahangning qoʻlidan kelmaydi bu ish. Fikrimga qoʻshilasizmi?
— Qoʻshilmasdan boʻlak ilojim yoʻq. Qoʻli kishanlangan odam bilan ozod odam teng emas-ku axir?
— Deylik, kishan mening qoʻlimda, siz esa ozodsiz. Hayot uchun nima oʻzgaradi? Xuddi kun bilan tun almashganday boʻlmaydimi? Shunday ekan, olam kitobi ustida bosh qotirib, bahslashmaylik. Nima deysiz?
— Toʻgʻri. Har holda bir oʻgʻri bilan falsafa bobida bahslashaman, deb kelmagandirsiz. Bu yerda gaplashayotganingizga qaraganda, jiddiy masala borga oʻxshaydi.
— Siz uchun jiddiy tuyulishi mumkin. Aslida esa unday emas. Biz sizga, yana yayrim doʻstlaringizga, — yigitning bu safar «hamtovoqlaringiz» oʻrniga «doʻstlaringiz» deganiga Tengiz ahamiyat berib, yanada sergak tortdi, — hamkorlikni taklif etmoqchimiz.
— Oʻgʻrilarning qonuni hukumat bilan hamkorlikka yoʻl bermaydi, buni bilmaysizmi?
— Bu gaplarni qoʻying, knyaz. Qonunni oʻzgartirish mumkin yoki umuman boʻysunmaslik ham mumkin. Biz oʻrtaga juda koʻp narsa tikkanmiz siz ozod boʻlasiz, boylikka erishasiz, istagan chet mamlakatga bemalol chiqib ketasiz.
— Ha, koʻnga zoʻr narsalar tikdingiz. Yutib olish uchun nima qilishim kerak?
— Siz avval roziligingizni bering. Qolganini keyin gaplashamiz.
— Aytaylik, rozi boʻldim...
— Meni «aytaylik...» qanoatlantirmaydi. Menga mard oʻgʻrining gapi kerak.
— Mard oʻgʻrining... koʻzlari ochiq boʻladi. Baland minoraga chiqib olib koʻlmakka kalla tashlamaydi. Daryogami, dengizgami boshlab bormasangiz ham, hech boʻlmasa uzoqdan koʻrsating, ma’qul kelsa shoʻngʻishga tayyorlanaylik.
— Uzoqdanmi? Ha, uzoqdan koʻrsatishimiz mumkin. Sizning togʻliqlaringiz bir vaqtlar yoppasiga koʻchirilganlar. Oʻttiz besh yildan beri ezilib yashaydilar. Hozir ular yashayotgan yerning egalari ularga qarshi zulm tayyorlayaptilar. Siz sheriklaringiz bilan ularni himoya qilasiz.

Bu mavhum gapni eshitib Tengiz oʻylanib qoldi, «Murik»ning aytganlarini esladi. Yigit javob ber, deb shoshiltirmadi. Tengiz togʻliqlar kim ekanini, qaerda zulm tayyorlanayotganini fikran aniqladi. Zulm yerliklar tomonidan emas, boshqa tomondan hozirlanayotganini ham fahmladi-da:
— Hukumat himoya qila olmaydimi? — deb soʻradi.
— Hukumat aralashgunicha sizlarning himoyangiz kerak boʻladi. Xalqaro vaziyat ogʻir hozir. Birdaniga biz aralashsak, katta milliy shov-shuv boʻladi. Darrov chet el burnini suqmoqchi boʻladi.
— Shov-shuv deng? Men esa inglizlarning maqolini esladim.

  

— Qani aytingchi? Aytavering, siz bilan suhbatlashish menga yoqyapti.
— Inglizlar aytisharkanki, agar itni bexos oʻldirib qoʻysangiz, uni quturgan, deb e’lon qiling, shunda unga hech kim achinmaydi.

Yigit bu gapni eshitib astoydil kuldi.
— Inglizlar balo xalq, — dedi u. — Ular kamdan kam hollarda adashishadi. Siz esa chuqurlashmang. Chuqurlashish — halokat belgisi. Taklifimga hozirning oʻzida javob bering, demayman. Mayli, oʻylab koʻring. Xotirjam oʻylang, deb bu yerga taklif qildim. Sizga maslahatim: katta oʻgʻri boʻlsangiz ham katta ketmang. Eshitishimga qaraganda bu yerda «Bifshteks», «Choʻmich» laqabli oʻgʻrilar boʻlgan ekan. Ularni kimdir oʻldirganmish. Biz hozircha bunga ahamiyat bermayapmiz. Bitta-ikkita oʻgʻri oʻlsa oʻlibdi-da, nima dedingiz? Ammo siz yaxshi koʻruvchi sharqliklarning bitta gapi bor: aytadilarki, hokimlarning gʻazabi olovdek boʻlib, ozgina shamol tursa alanga olarkanu bu alangani minglab chelak suv bilan ham oʻchirib boʻlmas ekan. Siz shamoldan ehtiyot boʻling, knyaz.
— Maslahatingiz uchun tashakkur, lekin aytingchi, nima uchun bu ishga meni tanladingiz? Bunaqa taklifga jon-jon deb koʻnuvchi shaltoqlar koʻp-ku?
— Biz, knyaz, shaltoqlar bilan hamkorlik qiluvchilardanmasmiz. Shaltoq, deb toʻgʻri aytdingiz. Ish tugagandan keyin ularning shaltogʻini kim tozalaydi? Men sizga dengizni koʻrsatdim, siz esa kalla tashlab tubiga yetaman, deb ovora boʻlmang. Bir oz suzib rohatlaningu sohilga chiqib, soʻng istagan ishingizni qiling. Boshqa narsani oʻylamang.

Yigit shunday degach, yana lutf qilib unga sigaret tutdi. Tengiz bu karamdan minnatdor ekanini bildirib, kiborlarcha bosh egib qoʻydi.

Moskvalik yigit marhamat eshiklarini haddan ziyod katta ochdi: oʻylab koʻrmoq uchun Tengizga keragidan ham koʻproq fursat berdi. Quyosh nuri tushmaydigan, uzunasiga uch, eniga ikki qadam keluvchi hibsxonada vaqt oʻlchovi yoʻq edi. Oʻlimtik chiroq nuri bunda madfun odamga lahadda emas, yorugʻ dunyoning bir katalagida jonli holda yotganini dalolat qilar edi. Tengiz hibsxonaga kiritilayotgan ovqatlarning soniga qarab oradan ikki kun oʻtyapti, deb chamaladi. Vaqt oʻtayotgani uchun koʻp ham yuragi siqilmadi. Ikki-uch kun nima ekan, dastlabki qamalganida bundan torroq, zaxroq, sassiqroq hibsxonada oʻn bir oy yotib ham sinma- gan — sheriklarini sotmagan edi. Mana shu kabi saboti uchun ham boshqalarga nisbatan ertaroq toj kiyish martabasiga yetgan edi. Hozirgi ahvoli oʻshandagisiga taqqoslansa, rohatlanib dam olish uchun yaratilgan sharoit deb ham atash mumkin. Tengiz ana shu sharoitda moskvalik yigitning har bir soʻzini fikr chigʻirigʻidan oʻtkazib tahlil qildi. Togʻliklarni himoya qilish haqidagi gaplari uni koʻp oʻylashga majburlamadi. Yigitning maqsadni ishora bilan emas, balki yuzdan sakson foizini ochiq bayon qilishi uni sergaklantirdi. Qimorda «qartani ochib qoʻyib oʻynash», degan gap bor. Zoʻr kelganda, raqibga ruhiy ta’sir koʻrsatish uchun toʻrt qartaning uchtasi, yoki uchning ikkisi yoki ikkining biri ochib qoʻyiladi. Mardlar toʻqnash kelgudek boʻlishsa barcha qartalarni ochib qoʻyishlari ham mumkin, kamdan kam hollarda sodir boʻluvchi bu vaziyatning oqibati ham mardona tugaydi: yo mol ketadi yo jon. Ba’zida esa... ikkalasi ham baravariga... Moskvalik yigit shunday oʻyin qilib, javobni kutyapti.

Yigit kirib qolar, deb kutib yotganida eshik ochilib, Koshakning kuydirgan kallani eslatuvchi tirjaygan basharasi koʻrindi. Uning oʻng qoʻlida bir shisha aroq bilan istakon, chap qoʻlida esa qogʻozga oʻrogʻlik yeguliklar bor edi.
— Omonmisan, Knyaz, — u shunday deb qoʻlidagilarni soʻri ustiga qoʻydi-da, Tengizni quchoqladi: — Sogʻintirib yubording-ku, a?
— Sen sogʻingan boʻlsang, chakki odam emas ekanman,— dedi Tengiz uning koʻzlariga sinovchan tikilib. Koshak bu nigohga dosh berolmay koʻzlarini olib qochdi. Sarosimasini yashirish maqsadida chaqqonlik bilan shisha ogʻzini ochib, istakonni yarimlatib quydida, «Sogʻ boʻl, Knyaz!» deb bir koʻtarishda boʻshatdi. Soʻng istakonni toʻldirib Tengizga uzatdi.

Tengiz uch qultum ichib, istakonni soʻri ustiga qoʻydi-da:
— Koshak, nimalar boʻlyapti, sen bilmaysanmi? — deb soʻradi.
— Bilmadim, jinilari qoʻziganga oʻxshaydi. Meni ham «etap»ga tirkab qoʻyishibdi. Bugun-erta joʻnatvorishadi shekilli? «Murik»ning oʻlimidan baribir xitlanishgan. Hammamizni har tomonga otishsa kerak?
— Xayrlashgani kirdingmi? — dedi Tengiz undan nigohini uzmagan holda.
— Shunaqa desak ham boʻladi. Knyaz, ikkovimiz hisob-kitobni toʻgʻirlab qoʻyishimiz kerak. Sen Bifshteksni bekordan bekorga oʻldirtirib yubording.
— Oʻldirtirganim yoʻq, oʻzi lalaydi, uning oʻlimi bir tasodif.
— Tasodifmi, yoʻqmi — baribir sening qoʻlingda oʻldi. Men u bilan katta ishlarni moʻl qoʻyuvdim. Biladiganlarini oʻzi bilan olib ketdi. Men koʻp narsa yoʻqotdim. Shuning tovonini toʻlashing kerak.
— Koshak, sen bu choʻpchagingni boshqa biror laqmaga borib aytgin. Bifshteks senga oʻxshagan ahmaq bilan sherik boʻladigan ahmaq emas edi. Gapni aylantirmaginda, maqsadingni ayt.
— Knyaz, sen uchun hamma ahmoq. Faqat sengina aqllisan. Xoʻp, agar chindan ham aqlli boʻlsang, men ahmoqqa anavi toʻnka chuchmekning boyligi qaerga berkitilganini aytasan.
— Aytmasamchi?
— Unda toʻnkaga qiyin boʻladi. Jonini sugʻurib boʻlsa ham bilib olaman.
— Unga tegma.
— Aytasanmi?
— Oʻylab koʻraman.
— Yaxshi. Shu aroqni quritgunimizcha oʻyla.
— Koshak, sen «etap»ga tushdim, deyapsan. Agar Vorkutaga borib qolsang nima boʻladi? Axir boylik janubda-ku?

Koshak oʻtirgan yerida bir qimirlab olib «ishing boʻlmasin», deb gʻoʻdirandi. Boʻlajak fitna qaerda tayyorlanayotganini aniqlash uchun Tengizga shuning oʻzi kifoya qildi. «Demak, Koshakka ham aytishgan, u ahmaq jon-jon deb koʻngan. Unda nima uchun menga ham ay-tishyapti? Nima uchun bu yerga tiqib qoʻyishdi?» Bu savollariga roʻparasidagi Koshak ham javob berishi mumkin boʻlsa-da, «Bu yerga tushib qolishimda shu taviyaning xizmati bor», degan fikrdan Tengiz uzoq edi. Boltiq boʻylaridan kelganlarni kaltaklash oddiy igʻvo emas, balki undanda zoʻrroq fitna uchun «odam tanlash» marosimi yoki sinov-tajriba ham ekanini u bilmasdi. Ana shu marosimda oʻzini koʻrsatgan Koshak sinovdan oʻtib, kelgusi zulm uchun ayni mos deb topildi. Suhbatda Koshak koʻp ham tarang qilib oʻtirmadi. «Qaerga? Nima uchun?» deb ham garang qilmadi. «Pul, ozodlik, chet el» uning uchun kifoya edi. Ammo oʻziga «qanjiq» degan «unvon» taqalishini bilib, oʻzini himoyalash uchun bir-ikki shart qoʻydi: shartlardan biri — Knyazni yoʻq qilish yoki chet elga oʻtib ketgunicha hibsdami, «etap»dami saqlash edi. Shuning barobarinda yana bir-ikki zirapchalarning bahridan oʻtishga izn soʻradi. Ular koʻndilar. Koshak «shartlarini toʻla bajarishadi, Knyaz shu yerda chiriydi», deb oʻylab yanglishdi. Tengizga ham shunday taklif aytishlari, uning rozi boʻlishi mumkinligini u hisobga olmadi.

Aroq ichib boʻlingach, Koshak «Qani, ayt!» deb baqraydi. Tengiz gapni chalgʻitishga urindi, «ertaga kel», deb ham koʻrdi. Koshak gʻazablana boshlagach:
— Aytaman, faqt men bilan teng boʻlishasan, — deb shart qoʻydi.
— Bekor aytibsan! Senga sariq chaqa ham bermayman, — dedi Koshak.

Shu tarzda savdolashib, boylikning toʻrtdan biri Tengizga beriladigan boʻlgach, sir oshkor etildi.

Koshak hibsxonadan quvongan holda chiqib, Tur-sunalini siquvga oldi: hali kaltak zarbalaridan toʻla tuzalmagan, bitta chertgulik holi bor odamni he yoʻq, be yoʻq boʻyniga chilvir tashlab boʻgʻdi. Tursunali bilan Tengizning gaplari bir yerdan chiqqach, Koshak mamnun jilmaydi.

Tengiz qachonlardir shunday boʻlishini bilgani uchun, boshqalarni chalgʻitish maqsadida Tursunalini pishitib qoʻygan edi. «Murik»ka aytilgan joyda boylik boʻlmasa-da, boylikka moʻljallangan oʻra mavjud edi. Keyin aytilgan yerda esa oʻshanday oʻra ham yoʻq edi.

Toʻgʻri yoʻldan borayotgan odam qoqilsa, nari borsa yiqilib, biron yeri lat yeydi. Ularning yoʻlidagi kimsa toygudek boʻlsa yiqilmaydi, peshonasi gʻurra boʻlmaydi — jonini berib qoʻya qoladi. Bu yoʻlda ochiq koʻz bilan, teran fikr bilan yurishga odatlangan Tengiz Koshakning qiligʻidan hayratga ham tushmadi, gʻazablanmadi ham. U chap kuragi ostiga pichoqni begona emas, oʻzining «birodar»1laridan biri sanchishini kutib yashardi. Bir kunmas bir kun ramziy ma’nodami yoki chin ma’nodami shunday boʻlishiga ishonchi komil edi. Faqat aniq vaqtini bilmasdi. Koshakning hozirgi harakati oʻsha ramziy ma’nodagi pichoq sanchish edi. Ramziy ma’no bilan chin ma’no orasi esa uzoq emas— qilcha boʻlsa bordir. Roviylar derlarki, «Ollohning sherigi bor», deyishdan saqlanuvchilar hech qachon bir-birlariga dushman boʻlmaslar». Tangrini tanimagan inson doʻstni taniydi, deb ishonuvchi odam yerga ekilgan tosh yomgʻir yogʻishi natijasida koʻkarib chiqdi, degan gapga ham ishonishi kerak boʻladi. Birodarlik — bir-birlariga sadoqat asosiga qurilgani bilan, vaqti kelsa zulm oloviga koʻmishdan ham qaytilmasligini Tengiz bilmaydi, deysizmi?

Tengiz Koshakning pattasini qoʻliga berib yuborgach, oʻzining taqdirini oʻylay boshladi. Oʻgʻrilar qonuniga sodiq qolib moskvalik yigitga rad javobini aytsa boshi uzra toʻplanayotgan abri balo oʻt yogʻdirib uni mahv etmogʻi tayin. «Hech narsadan qoʻrqmayman», deb kerilib yuruvchi har bir birodari kabi Tengiz ham bir narsadan — oʻlimdan qoʻrqardi. Ular oʻlim ostonasidagi tan azoblaridan emas, dunyoni, uning ishvali hayotini erta tashlab ketayotganlaridan qoʻrqishardi. Doʻstlari kabi Tengiz ham «oʻlim — gʻam-tashvishli hodisa emas, oʻlim — nikoh kechasidir», deguvchi naqldan benasib edi. Oxirat va abadiy hayot nima ekanini bilgani bilan amal qilmovchi Tengiz uchun oʻlimning munis boʻlmogʻi amri mahol edi. «Oʻlim — Haqni sevganlar uchun toʻy va bayram, nafsni sevganlar uchun esa gʻam-alamdir», deyilganda Tengiz kabilar nazarda tutilganmikin? Oʻlimni beadad gʻam-alam deb fikr qiluvchi Tengiz hayotni arzon-garovga pullashni istamadi. Moskvalik yigit kirganida bir oz gapni chuvalagan boʻldi-da, bitta shart qoʻydi:
— Vazifani bajarganimdan keyin yana qamoqqa qaytarasiz. Muddatim oxirlab, ozodlikka chiqqanimdan keyin chet elga ketaman.

Yigit bu gapni eshitib, ma’noli jilmaydi:
— Knyazlarga xos fikr yuritdingiz, Knyaz. Men sizdan aynan shunday javob kutgan edim. Endi Knyaz, ishga dahlsiz bir savol soʻramoqchiman, oʻzim uchun bilishni istadim: nima uchun hamkorlikka rozi boʻldingiz? Qoʻrqdingizmi?
— Qoʻrqdim?.. Yoʻq. Savolingizga javob oddiy — bu ishni men qilmasam boshqalar qilishadi. Men toʻgʻon emasman, oqar suv boʻlganim durust.

Bu yolgʻon gap Tengizning oʻziga ham ma’qul kelib, jilmaydi.

Tengiz rozilik bergan boʻlsa-da, hibsxonadan ozod etilmadi. Moskvalik bu masalaga izoh bermadi. Tengiz qamoq lageri hibsxonasidan chiqqach, Koshak bilan yana ikki yigitning «etap»ga joʻnatilganini Qoʻtosdan eshitdi.
— Hamzatingga koʻp osildi. Ammo men yoʻl bermadim, — dedi Qoʻtos. — Sening ruxsatingsiz yana bir ish qildim: Koshakning qanjiqligini teletaypga qoʻydim.
— Boplapsiz. Endi «politbyuro»ni toʻplab unga hukm chiqarishimiz kerak. Hukmni balki oʻzim ijro qilarman.
— Qanaqasiga?
— Agar ularning niyatlarini toʻgʻri payqagan boʻlsam, meni ham erta-indin «etap»ga qoʻyishadi. Balki u bilan uchrasharman. Agar men haqimda «qanjiq» degan gap koʻtarilib qolsa, ishonmang. Boshqalar ham ishonishmasin. Agar ularning shartiga koʻnsam, bu roziligim Koshak bilan uchrashib, hisob-kitobni toʻgʻrilash uchungina boʻladi.
— Qanaqa shart?
— Buni hisob-kitobdan keyin aytaman.
— Koshakni borgan yerida saranjomlashadi, sen urinma, Knyaz.
— Yoʻq, u meni haqorat qildi. Qasos faqat mening qoʻlimda. Siz... Hamzatga koʻz-quloq boʻlib turing. Mehnatingizga achinmaysiz, undan zoʻr oʻgʻri chiqadi, bunga men kafilman.

Tengizning ishonchli ohangda aytgan gaplari Qoʻtosda shubha uygʻotmadi.
— Chuchmekning boyligi nima boʻladi? Koshak uning atrofida ham aylandi.
— Uning boyligi — bizniki, oʻrtaniki. Unga hech kim ega chiqa olmaydi. — Tengiz bu masalani maydalab tushuntirib oʻtirmadi. Qoʻtos ham «ochiq ayt» deb zoʻrlamadi.

Qulfning kaliti

Samandar Ochilov yashagan uyga yaqinlashishganda Bobomurod toʻxtab, atrofga sinchiklab razm soldi-da:
— Koʻcha gavjum emas ekan,— deb qoʻydi. Zinadan koʻtarilayotganda esa yana takrorladi: — Koʻcha gavjum emas ekan.
— Bunga oʻsha kuniyoq e’tibor berganman. Begona odamni payqash oson, — dedi Omonullo.
— Durust, buni bilar ekansan.
— Bir-ikkita darsga kirib oʻqishga toʻgʻri kelgan,— deb javob berdi Omonullo piching bilan.

U eshik qulfiga kalit solayotganida Bobomurod har bir harakatini diqqat bilan kuzatdi.
— Kalit kimniki? — deb soʻradi u, eshik ochilgach.
— Juvonning otasiniki. Birinchi kuni olganman.
— Otasi kelganda eshik ochiq ekanman yo qulfmi?

Omonullo bu savolni eshitib, peshonasiga bir shapaloq urgisi keldi: shu oddiy narsani Toshboltadan soʻramaganiga afsuslandi.
— Qulf boʻlgan, — dedi Bobomurod xuddi oʻziga oʻzi gapirayotganday. — Ochiq boʻlganida oʻliklarning sassigʻi chiqishi bilan qoʻshnilar bilishardi. — Bobomurod shunday deb qulfni kuzatdi: — odamlaring qulfni olib tekshirishmabdi-ku? Qulfni nimada ochib kirgan? Oʻzining kalitidami yo begona kalitdami yo mixochqichdami? Tekshirtirmaysanmi?
— Tekshiringlar, devdim, — deb oʻzini oqladi Omonullo.
— Sen deyaverasan. Ular esa oʻz bilganlarini qilaveradi. Sen eng avvalo oʻzing kriminalist boʻlishing kerak. Qara, kulfni mahkamlab turgan burama mixning ariqchasiga boʻyoq toʻlib qolgan. Buragich tegmagan. Demak, qulf olinmagan, tekshirilmagan. Qani, ichkari kir, koʻrsat.

Omonullo oshxona tomonga oʻtib, oʻliklar yotgan yerni koʻrsatdi. Bobomurod uning soʻzlarini eshitayotgan boʻlsa ham, uncha e’tibor bermay, yuvinish xonasini qayta-qayta koʻzdan kechirdi-da:
— Bular kirishganida qotil shu yerda yashirinib turgan, eshikni avval erkak ochgan, — dedi.
— Avval ayol ochgan boʻlishi ham mumkin. Qotilni koʻrib, dod deganicha qochgandir, keyin erkak qaraganu koʻkragidan pichoq yegan. Keyin ayol...
— Balki shundaydir. Har holda «oʻynashlar maishat qilib oʻtirishganda yoki yotishganda eri kirib qolganu...» degan taxminni bekor qilganing toʻgʻri. Bu yerga «oʻynash», «rashk» degan gap sigʻmaydi.

Bobomurod boshqa uylarni ham erinmay kuzatib chiqdi.
— Ayolning qulogʻidan, barmogʻidan taqinchoqlar olingan boʻlsa... oʻgʻrining ishi boʻladi, — Bobomurod shunday deb Toshboltaga ajratilgan xona ostonasida toʻxtab qoldi. Deraza tomondagi javonga, uchi bir oz qayrilib qolgan gilamga tikildi:
— Javonni senlar surdilaringmi?
— Yoʻq, joyida qimirlamay turibdi.
— Xonada shuncha boʻsh joy turib, javon hech zamonda derazaga taqab qoʻyiladimi? — Bobomurod shunday deb «javon avval qaerda turgan boʻlishi mumkin?» deb chamaladi, soʻng devorga yaqinlashib jimir-jimir gulli qogʻozlarga bitilgan harflarni oʻqimoqchi boʻlayotganday tikildi: — Javon uzoq vaqt mana bu yerda turgan. Yaxshiroq qaragin, chang izlarini koʻrasan. Endi pastga qara: gilamning chetlarini javon bosib turgan. Uni kim, qachon surgan?

Bobomurod savoliga javob kutmay gilamning bir uchini ehtiyotlik bilan tutdi-da, Omonulloga «bu uchini ushla», deb buyurdi. Ikkovlashib gilamni oʻrab, chetga surdilar. Uy oʻrtasidagi toʻrtta pol taxtaning koʻchirilganini aniqlash uchun kriminalist boʻlish shart emasdi. Bobomurod «Qalaysan endi?» degandek Omonulloga qarab qoʻydi-da:
— Hech mahal pol taxtaning buragich mixlar bilan qoqilganini koʻrganmisan? — deb soʻradi.

Omonullo undan koʻzlarini olib qochdi. Xuddi shu yerda oʻsha kuni Toshboltaning jomadonlari turgan, shuning uchunmi, gilamni koʻtarib qarash hech kimning xayoliga kelmagan edi.
— Odamlaringni chaqir, tekshirishsin. Bu yerda nimadir boʻlgan, — dedi Bobomurod. Omonullo navbatchiga qoʻngʻiroq qilgach, «Anavi vunderkind bolangni bir koʻrmaymizmi?» — deb taklif qildi.

Omonulloga bu taklif ma’qul keldi. Aslida Samandar bilan boʻlgan uchrashuvdan soʻng yuqori qavatga koʻtarilmoqchi edi. Vaqt ziqligi uchun «bola yana ezmalanib, aql oʻrgatishni boshlasa ishlarim qolib ketadi», deb uchrashuvni keyinroqqa surgan edi. «Hozir ayni payti» degan fikrda yuqoriga yoʻl boshladi. Qoʻngʻiroq tugmasiga qoʻl yuborganida ichkaridan «kiravering, eshik ochiq» degan ovoz kutdi. Kutgan taklif eshitilmagach, ajablangan tarzda qoʻngʻiroq tugmasini bosdi. Ikkinchi marta bosishga ulgurmay eshik ochilib, past boʻyli, ozgʻin, rangpar ayol koʻrindi-da, «kelinglar», deb ularga xavotir bilan qaradi. Omonullo oʻzini tanishtirgach, «Abduqayum bilan gaplashmoqchi edim», deb maqsadini aytdi. Ayol Bobomurodga bir oz tikilib qaradi-da, «kiringlar», deb ichkariga chekindi.

Omonullo ichkari kirib Abduqayumning boʻsh karavotiga koʻzi tushdi-yu, koʻngliga noxushlik oraladi. Boʻsh karavot, ayolning horgʻin koʻrinishidan xayoliga turli fikrlar yogʻila boshladi. Ayol koʻrsatgan joyga oʻtirgach:
— Abduqayum qaerdalar? — deb soʻradi.
— Surat ishlayapti, hozir chiqadi. Uning ovunchogʻi shu...
— Siz onalari boʻlsangiz kerak?
— Ha.
— Avval kelganimda yolgʻiz ekan.
— Aytdi. Men ishda edim. Adamiz safardalar... — Ayol nogiron bolasini yolgʻiz tashlab ketganidan oʻngʻaysizlanib izoh berdi: — Yaqinda ishga kirdim. Avval uyda edim. Abduqayum «katta boʻlib qoldim, oʻzimni oʻzim eplayman», deb zoʻrladi. Hadeb atrofida parvona boʻlishim ham yoqmay qoldi shekilli. Shu bolamning koʻngliga qaraymanda. Nomigagina ishlayman. Uch-toʻrt soatga borib kelaman.

Ayol gaplarini tugatmay, ichkaridan Abduqayumning «Oyijon, men hozir tugataman, mehmonlarga choy berdingizmi?» degan ovozi keldi. Ayol «xoʻp, jonim», deb qoʻyib javon tortmasidan oq dasturxon olib stol ustiga yoydi. U oshxonaga chiqqach, Bobomurod oʻrnidan turib darazaga yaqinlashdi-da, koʻchaga qarab oldi.

Bir piyoladan choy ichishga ulgurishmay ichkari xonadan Abduqayumning «Oyijon, men boʻldim», degan ovozi eshitildi. Ayol oshxonadan qariyb yugurib chiqib eshikni ochdi-da, chiroqni yoqdi. Keyin ichkari kirib aravachada oʻtirgan oʻgʻlini olib chiqdi. Abduqayum ochiq chehra bilan salom berib, xuddi yosh boladek quvnab ketdi.
— Ertalab kelganingizda uchrasharmikinsiz, devdim. Chiqmaganingiz yaxshi boʻldi, hozir sizga «syur-priz» tayyorlab qoʻydim.

Abduqayum shunday deb «bu kishi kim?» degan ma’noda Bobomurodga qarab oldi.
— Ustozim... — dedi Omonullo oʻgay otasini tanishtirib.
— Siz Samandar akamni qamab qoʻymadingizmi ishqilib? — dedi Abduqayum mugʻombirlik bilan jilmayib.
— Yoʻq. Qamashim kerakmidi?
— Shunaqa xayolingiz boʻlgan-ku, toʻgʻrimi?
— Toʻgʻri. Lekin menda xayol emas, gumon boʻlgan.
— Hammasidan ham ana shu gumon yomonda. Gumon — bir tomondan haqiqatga qoʻshni, ikkinchi tomondan zulmga. Haqiqatning devori balandroq, darvozalari mustahkamroq boʻlarkan. Darvozani ochishga qiynalsangiz, baland devordan oshib tushishga erinsangiz devorining tayini yoʻq bu qoʻshninikiga kira qolasiz, toʻgʻrimi?
— Unchalik toʻgʻri emas, gumon koʻchasidan oʻtmay, haqiqat saroyiga kirilmaydi.
— Lekin siz gumonga asoslanib ham qamaysiz-ku, toʻgʻrimi? Yana «qamoq» demaysiz, «ehtiyot chorasi», deysiz, a?

Omonullo «koʻrdingizmi bu bolani, «vunderkind» deb toʻgʻri aytdingiz», degan ma’noda Bobomurod bilan koʻz urishtirib oldi-da, oʻsmirning donoligi erish tuyulsa ham fikrlarini davom ettiraversin-chi, deb arqonni uzun tashlab, savollariga shoshilmay javob beraverdi:
— Ehtiyot chorasi ba’zan zarur boʻladi.

  

— Qochib ketmasligi uchunmi?
— Ba’zan unday, ba’zan esa bir odamni sheriklarining hamlasidan asrash uchun ham shunday chora koʻriladi.
— Samandar aka qaysi biriga kiradilar?
— Samandar akangiz ayni paytda ozodlikdalar, tilxat olib, qoʻyib yuborganmiz.
— Ie, boʻlar ekan-ku? Opoqim «qoʻllarini kishanlab olib ketishdi», deganlariga siqilib oʻtiruvdim. Sizlarga baribir-da, olim odamni ham kallakesarning yoniga qoʻyib qamayverasizlar.
— Qamoqda olim odam uchun alohida imtiyozli xona boʻlmaydi. Bunaqa imtiyozlar, unvonlar, martabalar ozodlikda boʻladi. U yerda hamma teng. Martabalari ham, imtiyozlari ham bab-baravar.
— Kitobdagi gaplarni aytyapsiz menga. Birinchi marta oʻtirgan odam bilan uchinchi yo toʻrtinchi marta qamalgan odamning sharoiti bir xil boʻlmaydi-ku? Bizning bir qarindoshimiz borlar. Uch-toʻrt yil qamoqda oʻtirsalar, ozodlikda bir-ikki oygina yuradilar. Yana bir balo qilib qamaladilar. Oʻsha odam Samandar aka bilan oʻtirsa tenglik boʻlarmidi? Choyi boʻlsa choyini ichib qoʻyar, sigareti boʻlsa chekib qoʻyar... Menga oʻzlari aytib berdilar: odamlarni laqillatib qarta oʻynarkanlar. «Prosto tak, «durak» oʻynaymiz» derkanlar. Keyin «pro STO deganman», deb yuz soʻmni boʻyniga qoʻyarkanlar. Siz aytgan tenglik shumi? Nega kulyapsiz?

Bobomurod miyigʻida kulgan edi, yigitchaning ziyrak nigohi shuni ham ilgʻab, uni savolga tutdi:
— Men kulgili gap aytdimmi?
— Xuddi qamoqxonada yashab chiqqanday gapiryapsiz, uka, — dedi Bobomurod.
— Gaplarim notoʻgʻrimi?
— Toʻgʻri. Lekin har bir joyning oʻz qonunlari boʻladi. Bu hayotda lalaygan odam ertami-kechmi qamoqqa tushishi mumkin. Qamoqda lalaygan odam esa lahadga tushadi. Hayot ham urushga oʻxshagan narsa, uka. Kim lalaysa yo tuhmat oʻqiga uchraydi, yo kambagʻallik toʻriga ilinadi, yo yana boshqa bir baloga uchraydi. Jang paytida kerishib, esnayotgan odamning miyasini oʻq oʻpirib yuboradimi? Hayotda ham shunday. Ziyrak odam yashab qoladi.
— Sanjar aka lalaygan laqmamilar?
— Unaqa deganim yoʻq. Man u odamni tanimayman. Tanimagan odamimga esa baho bera olmayman.

Shu payt Abduqayum surat ishlab chiqqan xonada nimadir chirsilladi.
— Oyijon, suratlar quridi, quritgichni oʻchirib qoʻying, iltimos, — dedi Abduqayum oshxona tomonga qarab. Onasi darrov chiqib, aytilgan ishni bajardi.— Bugun qoʻllarimga ancha jon kirib, suratlarni ishlab qoʻya qoldim, — Omonullo Abduqayumning panjalari bu safar yengilroq bogʻlanganiga e’tibor berdi.— Aka, siz ketganingizdan keyin men koʻp oʻylandim. Odamlar tugʻiladilar, yashaydilar, oʻladilar. Tugʻilsa — quvonamiz, oʻlsa xafa boʻlamiz. Oʻsha oʻlgan odam tirikligida yaramas ishlarni koʻp qilganiga qaramay achinaveramiz, afsuslanaveramiz. Men avval koʻrishganimizda ham aytuvdim: Nafisa opani siz qidirayotgan odam oʻldirmaganida ham baribir boshqa bahonai sabab bilan bu dunyoni tashlab ketardilar. Siz hozir qotilni emas, sababchini qidiryapsiz. Bilasizmi, men odamning oʻlganiga achinmayman. Chunki oʻlim hamma uchun atalgan ne’mat. Men imonsiz ketgan odamlarga achinaman. Imonsiz ketsa u dunyodagi ahvoli nochor boʻladi, men shunga afsuslanaman. Nafisa opa ancha imonga kirib qolay devdilar... savol-javoblari oson boʻlsin, ishqilib... Oyijonim ba’zan menga qarab turib ranjiydilar, mening bunaqaligimdan eziladilar, oʻzlarini aybdor deb hisoblaydilar. Doʻxtirlar «sizga tugʻish mumkinmas», deyishgan ekan. Doʻxtirning aytgani emas, Ollohning xohlagani boʻladi. Olloh oyijonimga farzand berishni ixtiyor qildimi — doʻxtiringiz nima deya oladi? Koʻp gapiryapti, deb gʻashingiz kelmasin. Shu gaplarni aytish uchun rosa oʻyladim-da. Siz qotilnimi yo boshqa jinoyatchinimi izlaysiz, ushlaysiz, qamaysiz. Lekin birini qamasangiz ikkinchisi tayyor turadi. Sizdan oldingilar ham qamab tugatolmagan, sizlar ham tugatolmaysiz, keyingilar ham. Nima uchun, bilasizmi? Amaki, aytaveraymi, jahlingiz chiqmaydimi?

Bobomurodga bu yigitchaning yoshiga yarashmagan tarz-da aqlli gaplarni aytayotgani avvaliga sal erish tuyulgan boʻlsa-da, endi xush yoqayotgan edi. Shu bois Omonullo bilan koʻz urishtirib olib:
— Gapiravering, fikrlaringiz menga yoqyapti, — deb toʻgʻrisini aytib qoʻya qoldi.

— Sizlarning ishingizda bitta xato bor: «shu odam nimaga qoʻliga pichoq oldi, nimaga oʻldirdi, nimaga oʻgʻirladi?» degan savolga javob qidirmaysiz. Siz uchun bu odamning jinoyatni boʻyniga olgani muhim. Sabab muhim emas. Siz oʻtni oʻrib olasiz. Ildizi esa qolaveradi. Men oʻylab-oʻylab shu ildizning nimaligini bilganga oʻxshayman. Toʻgʻrisi, bitta kitobni oʻqib turib shu fikrga keldim. Hamma jinoyatning bir qanoti NAFS, ikkinchi qanoti QALBning nursizligi, qalbning boʻshligi ekan. Oyijonim shu kitobdan bir necha satrni yozib berdilar, oʻqiysizmi?

Abduqayum shunday deb aravachasi yonidagi qopchiqdan toʻrtta buklangan bir varaq qogʻoz chiqarib, Omonulloga uzatdi. Omonullo qogʻozni ochib avval satrlarga shoshqich koʻz yugurtirdi-da, soʻng ovozini chiqarib oʻqib boshladi:
— «Qalbingizni oʻylang! Inson qalbi bir goʻsht parchasidan iborat emas. Qalbda ma’naviy haqiqat, Rabboniy latofat jo etilgan. Qalb ayni paytda inson koʻnglining eshigi, derazasidir. Derazadan tash-qariga qaraganingizda yerlarni, osmonni, yulduzlarni koʻrganingizdek, qalbingizga boqqaningizda ham koʻngil olamingizni mushohada qilasiz. Bu olam— nuroniy olam: tengsiz, keng, teran olam boʻlib, arshi a’loga qadar uzanib ketgan. Oʻzingizni ana shu olamga oʻtganingizni, har tarafingizning nurga toʻlib-toshganini his qiling...» — Omonullo xatni oʻqib boʻlib avval oʻgay otasiga soʻng jiddiy nigohini qadab oʻtirgan Abduqayumga qadadi: — Tayyorlab qoʻygan syurprizingiz shumi?

Omonullo shu savol bilan satrlar ma’nosini teran his etolmaganini oshkor qildi. Abduqayumning oʻzi bu satrlardan gʻoyat ta’sirlangan, boshqalar ham shu holatda boʻladimi, deb fikr qilgan edi. Bu chaqiriqning Omonullo uchun oddiy gapday tuyulganidan ranjib, aftini oshkora burishtirdi.
— Bu Joʻshon hazratning gaplari. Syurpriz ke-yinroq boʻladi. Siz avval soʻraydiganingizni mendan soʻrab oling.
— Bizni bir narsa qiziqtiryapti: pastdagi uyda taraqlagan ovoz eshitilmadimi? Masalan, mix qoqilganimi yo taxtaning taraqlaganimi? — deb soʻradi Bobomurod.

Abduqayum bir oz oʻylab oʻtirgach:
— Eshitildi, — dedi. — Lekin men slesarlar ishlayaptimikin, deb oʻylovdim.
— Qanaqa slesarlar? Qachon ishlashdi?
— Quvurlarni, isitgichlarni almashtiramiz, deb yurishgan ekan.
— Siz ularni koʻrdingizmi?
— Yoʻq, biznikiga kirishmadi. Avval pastki qavatdagilarnikini almashtirisharkan. Opoqimga uchrashibdi. Nafisa opam ishda ekanlar, «qachon keladi?» deb soʻrashibdi.
— Opoqingiz aytdimi?
— Ha.
— Omonullo, JEKka qoʻngʻiroq qil. — Omonullo «kech boʻldi», degan ma’noda soatiga qaragan edi, izoh berdi: — Navbatchi boʻladi.
— Ha, navbatchi boʻladi, — deb quvvatladi Abduqayum, soʻng onasini chaqirdi: — Oyijon, JEKning telefonini bering.

JEK deb atalmish idora navbatchisi telefon goʻshagini darrov koʻtara qolmadi. Omonullo toʻrtinchi marta raqam tergach, norozi ohangdagi «alyo» degan tovush eshitildi. Omonullo oʻzini tanitganidan soʻng «isitish quvurlarini qachon almashtirishga kirishasizlar?» deb soʻradi.
— Buni xoʻjayinlardan soʻrang. Bugun shanba, ertaga yakshanba. Indinga kelib soʻraysiz. Biz kichkina odammiz, — deb javob qaytardi navbatchi.
— Xoʻjayinning uylaridagi telefonni bering, — dedi Omonullo.

Navbatchi bir oz ikkilanib turgach, telefon raqamlarini aytdi. Boshliq uyida ekan. Omonulloning savoliga «1989 yilgi rejada bunday ish yoʻq», deb qisqa va loʻnda javob berdi. Omonullo uning gapini Bobomurodga aytgach, Abduqayum jonlandi:
— Oʻzim ham shundaydir, deb oʻylagan edim, — dedi quvonch bilan.

Undagi bu oʻzgarish mehmonlarni ajablantirdi.
— Oyijon, iltimos, suratlarni olib chiqib bering, — deb yalindi Abduqayum. Ayol turli hajmdagi oʻnga yaqin suratlarni olib chiqib bergach, Abduqayum ular orasidan ikkitasini ajratib, Omonulloga uzat-di: — Qarang: mana shu odam bir kun oldin «slesarman» deb kelgan edi. Opoqim bilan shu gaplashgan boʻlishi kerak. Ertasiga ham kelgan. Men surat yaxshi chiqadimi yo yoʻqmi, deb gumonsirab, sizga aytmovdim.
— Bu odamning kirganini koʻrgansiz, chiqqanini-chi?
— Koʻrdim.
— Qoʻlida tugunmi yo shunga oʻxshash narsami bormidi?
— Yoʻq.
— Uyda taxminan qancha vaqt boʻldi?
— Bir soatchadir.
— Samandar akangizdan oldin keldimi?
— Ha. Nafisa opamlardan ham oldinroq kelgan.
— Samandar akangizdan oldin chiqdimi yo keyinmi?
— Keyin shekilli... Ha, keyinroq chiqdi.

Omonullo «uyda berkinib turganmi? Unda gazchi? Ochilov gazni oʻchirib, derazani ochgan ekan. U chiqib ketganda ham uyda qolgan boʻlsa nima uchun derazani berkitib, gazni yana ochmadi? Yoki... nima uchun Ochilovni ham oʻldirmadi?...» degan ma’noda Bobomurodga qarab qoldi. Bobomurod ham ayni shu xayolda edi.
— Toʻxtang... — dedi Abduqayum oʻylanib olib. — Samandar aka mashinadan tushganlarida kimdir yuqori qavatga koʻtarildi. Samandar aka qaytganlaridan ke-yin pastga tushdi. Keyin... shu odam koʻchaga chiqdi.

Omonulloning «zinada roʻpara kelib qolishdan choʻchib yuqoriga koʻtarilganmi?» degan savol nazariga Bobomurod tasdiq ishorasini qildi.
— Bu suratni bizga berib tura olmaysizmi? — deb soʻradi Omonullo.
— Marhamat, siz uchun atay ishladim...
— Lekin... biz haq toʻlamaymiz-da? — dedi Omonullo kulimsirab.

Abduqayum avvalgi uchrashuvdagi gapiga shama’ qilinganini fahmlab kuldi-da:
— Amerikaga borganimizda toʻlaysiz, — dedi.

Bobomurod bu hazilga tushunmay, bir tutingan oʻgʻliga, bir yigitchaga ajablanib qaradi. Abduqayum esa qolgan suratlarni ham Omonulloga uzatdi:
— Oʻsha kuni qoʻlim shikastlangunicha olgan suratlarim: Samandar aka ham borlar.

Chindan ham mashinaga oʻtirayotgan Samandar suratga tushib qolgan edi. Oʻrindiqqa oʻtirayotib uy derazasiga oʻgirilib qaragan Samandarning koʻzlarida hadik muhrlangan edi. «Bechora er», deb oʻyladi Omonullo uning javdiragan koʻzlariga qarab.

Uy bekasini «ovqat tayyor boʻlib qoldi, oʻtiringlar», deyishiga qaramay, xayrlashib, pastga tushdilar. Omonullo qoʻshni eshik qoʻngʻirogʻi tugmasini bosdi. Abduqayumning opoqisi slesar haqidagi gaplarni tasdiqlab, suratdagi odamni ham tanigach, Bobomurod «xomligingni isbot qildimmi?» degan ma’noda mugʻambirlik bilan kulimsiradi.

Bu orada yetib kelgan tekshiruvchilar guruhi Omonullodan topshiriq olib, betoʻxtov ravishda ishga kirishdilar. Omonullo Bobomurodni «vazirlikdagi ustozim», deb tanishtirgani uchun «ustoz» ularning ishlariga aralashdi. Koʻchirib, soʻng oʻrniga qoʻyilgan taxtalarni olish qiyin boʻlmadi. Bu yerdan nimadir qidirilgani aniq edi. Ammo oʻsha «nimadir» topilganmi yo yoʻqmi — shu noma’lum edi. Bobomurod har bir nuqtani sinchiklab tekshirishni talab qildi. Oqibatda burab olinib soʻng joyiga qoqilmagan mixga qon tekkani aniqlandi. Shu mixqalpogʻida barmoq izlarining qolgani ular koʻngliga chiroq yoqdi. Barmoq izlari poltaxtalari ostida qolib ketgan qoʻlbola buragichda ham bor edi.
— Barmogʻini urib olgan yoki nimadir kesgan. Buragichni yoʻqotib, topolmagan. Shubhasizki, shoshilgan. Agar izlaganini topolmagan boʻlsa, asabiylashgan, — dedi Bobomurod.
— Asabiylashsa taxtalarni joyiga qoʻyib, gilamni yoparmidi?
— Hamma yoqni agʻdar-toʻntar qilib tashlab ketardi, demoqchimisan? Agar xom oʻgʻri boʻlsa, shunday qiladi. Durustroq narsaning isini olgan boʻlsa, darrov sir boy bermaydi. Bu yerdan boʻlmasa boshqa joydan chiqishini kutadi. Payt poylaydi. Har holda u uy egalarining kelib qolishlarini kutmagan. Agar ular hammomga moʻralab uni koʻrib qolishmaganda oʻlishmagan boʻlishardi.

... Shu kabi turli taxminlar bilan yarim kechada uylariga qaytishdi. Ertasiga barmoq izlari va surat boʻyicha tegishli soʻrov yuborildi. Javob uzoqmadi: «Pavel Onopko. Xersonda tugʻilgan. Laqabi — Koshak. Ukraina SSR jinoyat kodeksining (...) moddalari bilan ozodlikdan mahrum etilgan. Hozir Irkutskdagi (...) qamoq lagerida...»

Irkutsk? Omonullo Toshboltaning «Irkutskka boruvdim» degan gaplarini esladi. Esladi-yu, «Oʻsha yerda iziga tushdimi?» degan savol xayolini yoritdi. Keyin «Axir u qamoqda boʻlishi kerak-ku?» deb oʻylab, nav-batdagi soʻrovni yubordi. Bu orada Nafisaning oʻynashi yodiga tushib, tortmadagi qogʻozlar orasidan Matluba bergan xatlarni ajratdi-da, manziliga qaradi. Qaradi-yu, roʻparasidagi zimiston yorishgandek boʻldi. Eshik qulfining kalit bilan emas, yasama mixochqich bilan ochilganini dalillovchi xulosa esa unga endi ahamiyatsizdek tuyuldi.

Yakshanbani arxivga oid ma’lumotlarni oʻrganish bilan oʻtqazib, uyiga kech qaytdi. Uyquga toʻyib ulgurmay telefon jiringi uygʻotdi...

Uchinchi bayon: Oydinlik

Nafisa

Bu dunyodagi hayot qilkoʻprik emas, undanda xavfli, undanda battaroqdir. Balki ustara tigʻi ustida yalang-oyoq yurishga qiyoslash oʻrinlidir? Voqean shunday. Ustara tigʻi desakda, qilkoʻprik desakda farqsiz — Nafisa bu yoʻlda yura olmadi — toydi. Unga bu yoʻlda qanday yurmoq lozimligini oʻrgatmadilar. Zaharni «asal» dedilar — ishondi, zulmatni «oydinlik» dedilar — koʻndi, azobni «rohat» dedilar — ma’qulladi... Sassiq koʻlni mavjli dengiz deb xayol qilib adashganini, oydin yoʻl degani baxt saroyiga emas, doʻzax qopqasiga yetaklaganini kech angladi. Agar uyida oʻlim topmaganida balki «kech angladi» demogʻimiz oʻrinsiz boʻlardi. Harom-halolning farqiga endigina borayotgan juvon uchun pokiza dengiz yoʻllari ochilarmi endi?..

Bir kuni ishxonasidagi ayolning «Har bibi seshanba kuni osh damlab muhtojlarga chiqaraman, shuning uchun Xudo mushkullarimni oson qiladi», degan gapi Nafisaga ta’sir qildi. Farishtali oila deb atalmish baxtdan boshqa hamma narsasi bor Nafisa keyingi haftalarda oʻzi sezmagan, oʻzi istamagan holda ezila boshlagan edi. Tursunali akasi u yoqda, eri togʻda boʻlgan juvonning yolgʻiz qolishi azob edi. Yoʻq, Nafisa oʻgay onasi ta’rif etgan darajadagi toifadan emasdi. Ersirab qolgani ham yoʻq edi. Faqat ayollar oilalaridan gapirishsa, hatto turmush qiyinchiliklaridan nolishsa ham ularga havasi keladigan boʻlgan edi. U er hukmron boʻlgan koʻp bolali oilaga ega boʻlish orzusida yashay boshlagan edi. Chiroyli yoki puldor er havasi shamolda qolgan shamchiroq singari umri poyoniga qarab borardi. Shinam oila orzusida u osh damladi. Ikki yon qoʻshnisinikiga bir kosadan chiqardi, bir kosani olib yuqori qavatga koʻtarildi. Abduqayum uyda yolgʻiz edi. Nafisa ochiq eshikdan kirib, kosani aravachaga moslangan stol ustiga qoʻydi. Nafisa qoʻshni ayollarning bu xonadonga kirib, gaplashib oʻtirishlarini bilardi, «bu bola koʻp kitob oʻqiydi, bola emas — balo!» degan ta’rifni ham eshitgan edi. Shu sababli Abduqayumning «Nafisa opa, bir pas gaplashib oʻtiring», degan taklifini rad etgisi kelmadi.

Shundan soʻng yolgʻizlik azobiga Abduqayumning suhbatlari malham boʻla boshladi. Shu yerda uning tosh yuragi yumshaganday boʻlib, zulmatdagi qalbiga iymon nuri asta moʻraladi.

Omonullo Nafisaning ishxonasiga borganida stoli tortmasidan oʻn ikki varaqli daftar olinganini bilmas edi. Nafisa bu daftarga nimalarnidir yozar, keyin uzoq tikilib oʻtirar edi. Bu holatga qiziqqan hamxona ayol uning oʻlimidan soʻng daftarni olib oʻqidi-yu, ammo joyiga vaqtida qoʻyishni unutdi. Omonullo kelganida esa daftarni uning qoʻliga tutqazishdan choʻchidi. Shu bois Nafisaning qalbidan oʻtganlari sir boʻlib qolaverdi.

Nafisa Abduqayumning kitoblardan oʻqib berganlarini eslab, ayrim gaplarni esa yozib qoʻyishni odat qilgan edi.

«Seni haqiqatdan uzoqlashtirib, yomon odatlarga yaqinlashtirgan kimsa eng iflos odamdir...» — Abduqayum shunday dedilar. Unda... Eng yaqin odamlarim... eng iflos odamlar ekan-da... Voy, Xudoyim, bu ne koʻrgulik...»

«Ey Odam farzandi! Dunyoga yomonlik tarqatganni aslo olqishlama! Bu olqishing seni zulmlarning eng dahshatlisiga olib boradi...» — Men shunday qildimmi? Endi zulmning eng dahshatlisiga uchraymanmi? Voy, Xudoyim, bu ne koʻrgulik...»

«Ey boyligi bilan magʻrur boʻlgan inson! «Falonchiman!» deb kibrlanma, balki «Asli oʻzim kimman?...» deb fikrla. Bugun moliga maftun, avlodiga majnun boʻlgan ey inson! Koʻz yumgan kuning achchiq-achchiq haqiqatni koʻrgach tushunasan... Mol-dunyong koʻpligidan sevinma, halol qoʻlga kiritganingdan sevin. Chunki harom daromad seni oqibat azobga duchor qiladi...» — Bu azoblar hali menga kammidi... Voy, Xudoyim, bu ne koʻrgulik...»

«Qalbida iymon nuri boʻlmagan inson — uyqudadir. Uni faqat oʻlim uygʻotadi. Shu sababli Rasulluloh «insonlar uyquda, oʻlganlarida uygʻonadilar», degan ekanlar...» — Men qanday uygʻonar ekanman, Voy Xudoyim...»

Hamxona ayol bu satrlarni oʻqib koʻp ham ta’sirlanmagan, «eskichaga oʻqiyotgan ekanda», deb qoʻya qolgan edi. «Qalbning nurlanishi» degan tushunchadan uzoq boʻlgani uchun ham Nafisaning satrlariga koʻchgan tuygʻulariga hamroz boʻla olmagandi. Daftarni Omonullo oʻqigan taqdirda ham «qotilni aniqlashga yordam beruvchi dalil yoʻq», deb qoʻya qolar edi.

Idora xoʻjayini «milisaga «gʻing» desalaring onalaringni koʻrsataman», degani sababli hamxona ayol Omonulloga bor gapni aytishdan qoʻrqdi.

... Nafisa oʻsha kuni ertalab bozorga kirib issiq non, qulupnay koʻtarib kelib idoradagilarni mehmon qildi. Mehnat ta’tilini togʻda, eri bilan oʻtkazajagini hamxona ayolga aytdi. Shunda «yo bugun, yo ertaga olib ketishlari kerak, hammomda kran oʻlgurdan suv oqyapti. Usta chaqirsam kelmayapti, yoʻgʻimda suv sharillab oqib ketsa qoʻshnilarimdan balolarga qolaman», deb nolidi. Shunda hamxona ayol: «Voy, Sanjarga ayta qolmaysizmi, menikini bir pasta tuzatib bergan, asli kasbi santexnik-ku, bilmasmidingiz?» dedi-da, chaqqonlik bilan turib yigitni chaqirib keldi.
— Ishdan keyin borolmayman. Agar «xoʻp» desangiz hozir borib tuzatib kela qolay...

Taklif ma’qul boʻlib yoʻlga tushdilar...

Ularning birga kelayotganlarini Abduqayum koʻrdi...

Koʻrdi-yu, koʻngliga shubha oralamadi, yomon fikrga bormadi...

Uch kundan keyin Nafisani qargʻadilar:
— Oʻynashi bilan yotgan ekan, sharmanda!

... Sharmanda... Sharmanda...

Uch kundan keyin Sanjarni la’natladilar:
— Suyuqoyoqqa ilakishgan ekan, yigit oʻlgur!

... Yigit oʻlgur... Yigit oʻlgur...

Hamxona ayol ham bu gaplarga ishondi va aytdiki:
— Ilgaritdan koʻz suzishib yurardi-da...

Koshak

Koshak necha marta «etap»ga qoʻyilgan boʻlsa ham bunchalik quvonmagan edi. Hali toj kiyish darajasiga yetmagan, ammo «Ot!» desa otishdan, «Os!» desa osishdan, «Boʻgʻib tashla!» desa boʻgʻib tashlashdan qaytmaydigan ikki yigitning ikki qanotiga kirishi unga baxt va omad darvozalarini lang ochib beradiganday boʻldi. U yoʻl-yoʻlakay «Parijda yashaganim yaxshimi yo Floridadami?» degan masalada ham bosh qotirishga ulgurdi. U oʻzi yoqqan zulm oʻtida oʻzining qovrilajagini bilmay xom xayollariga bandi boʻlib maza qildi.

Ularni shahar chetidagi toʻrt qavatli uyning uchinchi qavatidagi besh xonali uyga joylashtirdilar. Derazalariga oʻrnatilgan yangi panjaralarga qaraganda uy bularning tashrifi uchun maxsus «jihozlangan» edi. Ertasiga yana yetti kishi kelib, uy toʻlib qoldi. Koʻngil istagan barcha narsalar: aroq deyilsa — aroq, nasha deyilsa — nasha, qora dori deyilsa — qora dori muhayyo etib turildi. Koshak hatto «Boquv shunaqa boʻlsa, chet elga joʻnashning hojati ham yoʻq», degan xayolga bordi. Boʻlajak ish rejasi bilan tanishtirishga shoshilishmadi. Shunda Koshak ularni kuzatib turgan boshliqdan «bir uydagi omonatini olib kelish» uchun ruxsat soʻradi. Boshliq kattalari bilan maslahatlashib unga ikki kunga ijozat berdi. Koshak oʻzi bilan kelgan yigitlarning birini yoniga olib Samandarning uyini topdi. Kuzatdi. Ertasiga slesar qiyofasida kirdi. Kichik xona polining taxtalarini koʻchirdi. Koʻchirdi-yu, laqqa tushganiga amin boʻlib, gʻazab bilan mushtumini qisdi. Qoʻlida uchli burama mixni ushlab turganini ham unutdi. Mix barmogʻi uchiga sanchilgandan keyingina oʻziga keldi...

Jahl otiga minganicha chiqib ketmoqchi edi, ammo boshliqning «birorta iz qolsa, oʻzingdan koʻr, u yer sen oʻylagan onangning uyi emas», degan topshirigʻini eslab, taxtachalarni joyiga qoʻydi. Javonni oʻrniga surishga esa ulgurmadi. Eshikdan tashqarida ovozlar kelgach, oʻzini hammomga urdi...

Tugmali buklama pichoq bilan erkakni bir hamlada oʻldirdi.

Ayol dod solib oshxona tomonga qochdi. Chap qoʻli bilan ogʻzini yumib, oʻng qoʻlidagi pichoqni qovurgʻasi ostiga sanchdi. Ayol yiqilib tipirchilay boshladi. Uning qulogʻidagi zirak koʻzi yaltillab ketdi — ikkala zirakni shart quloqdan uzib ola qoldi. Soʻng barmoqdagi uzuklarni oldi — har holda quruq ketmayotganidan quvondi. Ayolning jon berishi ogʻir boʻldi. Unga rahmi keldi — stol ustidagi pichoqni olib, yuragiga sanchib, bu dunyo azoblaridan qutqardi. Pichoq sopini roʻmolchasi bilan artib qoʻyishni unutmadi. Boshliqning iz qoldirmaslik haqidagi topshirigʻini eslab, buning ham chorasini topdi — gaz yoʻllarini ochdi.

Shanba kuni ularning vazifalari ayon boʻldi. Shaharchadagi qaysi uylarda badavlatroq odamlar turishini alohida koʻrsatishdi. Guruh ikkiga boʻlindi. Birinchi guruh — keyin kelgan yetti yigit — uchragan odamlarni oʻldirib, uylarni yoqib ketishi kerak edi. Koshak esa ikki sherigi bilan badavlat xonadonlarni talab, soʻng oʻt qoʻyishni zimmasiga oldi. Qoʻlga kiritilgan boylik oʻn kishiga teppa-teng halol boʻlinishi qayd etildi. Vazifa yashin tezligida bajarilishi shart edi. Shanba kuni kechqurun ularni shu koʻchalardan ikki marta olib oʻtishdi. Ertasiga kun yoyilganda, uzoqda olomon koʻrinishi bilan ular vazifalarini bajarishga kirishdilar. Aldangani uchun gʻazab otiga mingan Koshak bu vazifalarni keragidan ortiqroq darajada bajarishga harakat qildi. Birinchi uyga bostirib kirganidayoq xonadon sohibi uning koʻziga dam Tursunali, dam Tengiz boʻlib koʻrinib pichogʻini sanchaverdi... sanchaverdi... Har tigʻ urganida koʻngli rohatdan yayrayverdi... yayrayverdi...

Toʻmtoq aqli esa hademay oʻzining qoni ham oqajagini idrok etmadi.

Vazifalar ado etilib, hamma yuz bergan fojia haqida bosh qotirayotgan kunlarning birida Tengiz «oilasidan xabar olish» uchun ijozat soʻrab Tursun-alining ota uyiga bordi. Amakivachchalar «SSSR prokuraturasidan kelgan» Tengizga monelik qilishmadi. Bogʻ oʻrtasi kavlanib, temir quticha olindi. «Akt» yozilib, amakivachchalar guvoh sifatida imzo chekdilar. Bir necha yil tuproq ostida «jon saqlagan» temir quticha ertasigayoq yana Tengiz uchun ishonchli boʻlgan joyga koʻmilib, egasi ozod boʻlib qaytguniga qadar kutdi...

Tengiz

U hayoti yoʻlida tikanlar, toshlar borligini bilardi-yu, ammo olovlarga duch kelarman, deb oʻylamagan edi. Tengiz «Koshak bilan vazifamiz bir boʻlsa, u haromi bilan uchrashaman», deb yanglishdi. Vazifa oʻtaladigan joy bir boʻlgani bilan, bajariluvi lozim boʻlgan yumush boshqa-boshqa edi. Ta’bir joiz boʻlsa, xuddi bolalarning «Oq va Qizil» oʻyiniga oʻxshardi. Bir guruh bola Oq, bir guruhi Qizilga ayrilganidek, Koshak bilan Tengiz ham boʻlingan edilar. Koshak yerli xalq nomidan vahshiylikni boshlagach, Tengiz togʻliklar nomidan qarshi zulmni koʻtarishi lozim edi.

Tengiz oʻzining guruhi bilan shahar turmasida vazifa boshlanish onlarini kutdi. Ularni shanba kuni kechqurun shahar yonboshidagi togʻliklar zich yashaydigan mahallaga olib kelib, pastqamroq uyga joyladilar. Koshak guruhidan farqli oʻlaroq, ular makon topgan hovliga qurolli soqchilar qoʻydilar. Tengiz va uning sheriklari sodiq xizmat qilmoqqa va’da berganlari bilan, ularga toʻla ishonch yoʻq edi. Shanba oqshomida vazifa bilan tanishtirishgach, «agar bajarishdan bosh tortsangiz yoki qochmoqchi boʻlsangiz, jo-yida otib tashlaymiz», deb ogohlantirishdi.

Kechasi Tengiz uxlay olmadi. Chekish bahonasida hovliga chiqqanida bir odamning darvoza ustuniga mato bogʻlayotganini koʻrib soqchiga ajablanib qaradi. Soq-chi unga «ishing boʻlmasin!» deganday qoʻl siltab qoʻydi.

Kun yoyilganda boshlashdi.

Avval bir toʻda oʻtdi. Uylardan qora tutun oʻrlay boshladi.

Soʻng kichik toʻda paydo boʻldi. Oldindagi Koshakni koʻrib Tengiz darvozadan otilib chiqay dedi. Soqchi «hali vaqt bor», deb koʻkragidan itardi.

Koʻchaga qoʻyilishi bilan Koshakni izladi. Topdi.

Sandiq kavlayotgan Koshak orqasida sharpa sezib oʻgirildi, ammo oʻzini himoya qila olmadi — Tengizning qoʻlidagi pichoq boʻgʻziga qadaldi-yu, tomogʻidan otilgan qon sandiq ichidagi pullarni qizilga boʻyadi. Dam oʻtmay uning jasadi oʻzi oʻldirgan uy egalarining murdalari bilan birga yona boshladi...

Oʻsha daqiqalardayoq mish-mishlar alangasi hamma yoqni qamrab oldi:
— Yerliklar togʻliklarni tiriklayin yondirishibdi...
— Togʻliklar avtomatlar bilan qurollanib katta kuch bilan shaharga yopirilishibdi...

Tahlika, vahimada qolgan aholi lochin changalidan qoʻrqqan polaponlarday najot tilab qaqshar edilar.

Televizorda esa mosh yutgan xoʻrozday boʻlib olgan notiq kulimsiragan holda va’z aytardi:
— Hamma janjal qulupnoydan chiqibdi... Odamlar ham nodon...

Omonullo

Ishxonada televizor tomosha qilib oʻtirgan Omonullo bu gaplarga ishondi. Ikki kundan soʻng u moskvalik tergovchilarga qoʻshilib fojia sodir boʻlgan shaharga uchdi. U ketgach, soʻroviga javob keldi: «Soʻrovingizga binoan shuni ma’lum qilamizki, Pavel Onopko (laqabi Koshak) qamoq lageridan qochishga uringanida 1989 yil 20 may kuni otib oʻldirilgan».

Uch oy davomida moskavaliklarga yordam bergan Omonullo ishxonaga qaytib bu javobni oʻqidiyu nimanidir sezganday boʻldi. Irkutskka borib kelishni iltimos qildi. Avval ijozat berishdi, keyin esa «ovora boʻlmay ishni yopib qoʻya qoling», degan maslahatda toʻxtashdi.

Shu toʻxtamga kelingan kuni oqshomda prokuraturadan Mels Xoʻjaev qoʻngʻiroq qilib «Aka, Irkutskka bormoqchi emishsiz, agar maslahatimga koʻnsangiz — bormang. Sababini keyinroq bafurja gaplasharmiz», dedi.

Bu orada Fotima Hindistondan qaytdi.

Va’dagi binoan bahorga chiqib oʻgʻil tugʻib berdi.

Dissertatsiyasini himoya qilayotganda Omonullo beshikdagi oʻgʻlini soʻrgʻichda ovqatlantirib oʻtirar edi. Boltaevaning oʻlimiga oid ishni toʻxtatishdan voz kecholmagani uchun iste’foga chiqishga majbur boʻlgan Omonullo uchun oʻgʻil boqib oʻtirish ulugʻ bir baxt boʻlib tuyular edi...

Soʻng...

Adolat Omonulloga qatnayverib, oxiri erining molini qoʻlga kiritdi. Omadini qarangki, yangi sov-xoz direktorini ham qoʻlga kiritishga erishdi — katta qizini unga qoʻshib qoʻya qoldi. Toshbolta olib kelgan boylikning bir ulushi sovxoz direktoriga tegishli edi. Adolat shu boylikni olib ketish uchun uni uyiga taklif etdi. Yedirdi, ichirdi, soʻng...

Ichkarida yangi direktor huzurlanar...

Bu yoqda Adolat quvnar, orzulardan tilla saroylar qurar...

Ayvonda esa jon berayotgan Toshboltaning lablari bir tomchi suvga zor...

Va nihoyat...

Oʻn yil ichida dunyo oʻzgarib ketdi. Koʻp yurtlarni bosib yotgan qorongʻulik chekindi, balo bulutlari tarqaganday boʻldi. Oftob charaqlagan kunlarning birida Omonulloni xizmatga qaytardilar. Uchinchi oʻgʻli tugʻilganida u polkovnik darajasiga yetgan edi.

Oftob nuridan gul ham, chaqir tikan ham bahramand boʻlganiday, oʻpkasini sovuqqa oldirgan Tursun-ali ham uyiga barvaqt qaytdi. Oʻzini tuhmat balosiga uchragan mazlum sifatida koʻrsatib, hech boʻlmaganda sovxoz direktorligini qaytarish ilinjida koʻp urindi. Ammo urinishlari zoe ketdi. Yaxshiki, shogirdiga insof kirib, uni qanotiga oldi. Tursunali buni shohsupa sari bosilgan birinchi qadam deb oʻyladi. Ammo nafs yana oʻz ishini qildi: bir vagon ma’dan oʻgʻitlarini pullayotgan paytda qoʻlga tushdi-yu, oʻzi bilan birga shogirdini ham chohga tortdi.

Oqibatda:

Adolatning qizi oʻynashsiz qoldi...

Matluba yana ersiz...

Matlubaning birinchi kelinini uy ostonasiga olib chiqib «qaynotasiga salom...» deyishayotganda salom egasi Uchquduqdagi qamoq lagerida oʻz taqdirini la’natlab oʻtirardi.

Nuriddin esa...

Qoʻtosning saboqlari zoe ketdi. Uyiga qaytgach, Nuriddin ota kasbini qildi — odam oʻldirgan qoʻllarning ketmon dastasiga koʻnikishi qiyin boʻlsa-da, baribir iziga qaytmadi.

Bir kuni shomda gʻoʻzalarga suv tarayotgan damda shiypon yaqinida mashina toʻxtab, undan bashang kiyingan odam tushdi. Brigada boshligʻi ham ketib boʻlgan, dalada Nuriddin yolgʻiz edi. «Xoʻjayinlardan biri keldi», deb oʻylab, shiyponga yaqinlashdi-yu, Tengizni koʻrdi. U bilan qanday koʻrishishni bilmay taraddudlanganida Tengiz quchoq ochdi:
— Hamzat! Salomatmisan, birodarim! — deb quchoqlab oldi.

Nuriddin «meni yana oʻgʻirlikka tortgani kelgan», degan fikrda, rad javobini qanday qilib aytishni bilmay oʻtirganida Tengizning oʻzi mushkulini oson qildi:
— Seni olib ketgani kelganim yoʻq, qoʻrqma, — dedi u. — Sendan oʻgʻri chiqmasligini bilardim. Seni u tomonlarda saqlab qolishning boshqa yoʻli yoʻq edi. Men yurtingdan ozroq qarz boʻlib qolgan edim, toʻgʻrirogʻi, tovon toʻlashim kerak edi, shuni toʻlagani keldim. Ataganimni beramanu ketaman. Endi zamon bosh-qa, Hamzat, hayot ham boshqacha boʻladi. Sen bolalaringni oʻzingga oʻxshatib tarbiyalama. — Tengiz shunday deb mashinadan ixcham jomadon olib ochdi. Uning ichidagi pulu javohirni koʻrib Nuriddin lol qoldi. Tengiz pullardan bir taxlamini olib Nuriddinga uzatdi:
— Toʻyingga kelolmadim, bu senga toʻyona.

Nuriddin olmayman, deb chekingan edi, Tengiz pulni uning qoʻnjiga solib qoʻydi.
— Toʻyonadan qaytmaydi, ahmaq! Sendan bitta iltimosim bor: oʻgʻillaringdan birining ismini Hamzat deb qoʻy, maylimi? — U shunday deb jomadonni yop- di. — Bunisi yurtingga toʻlaydigan tovon...

Shunday deb ketdi...

Nuriddin uni boshqa koʻrmadi...

Tengiz uning uchun shirin xotira boʻlib qoldi...

Aytar soʻzlarim shuki

Har bir narsaning ibtidosi boʻlgani kabi intihosi ham mavjuddir. Tangri-taoloning buyuk lutfi, karami va marhamati ila bayonimiz shu yerda nihoyasiga yetdi. Shoni Aziym boʻlgan Ollohga behad hamdu sanolar boʻlsin. Oʻqiganingiz mazkur bayonlarda yutuqqa arzirli jihatlar boʻlsa — Ollohning marhamatidandir. Sizni ishontirmagan, gʻashingizga tekkan, hafsalangizni pir qilgan yerlari bor ekan, bu qalamimiz ojizligi, e’tiborsizligimiz, loqaydligimiz va yana allaqancha ayblarimiz tufaylidir. Buning uchun siz, aziz kitobxonlardan uzr soʻrab, Yaratganning oldida tavbalar qilamizkim, shoyad tavbalarimiz qabul boʻlib, bunday keyingi bitiklarda Haq yoʻldan adashtirmasa.

Bayonlarda qora boʻyoqlar koʻproqmikin, deb ajablanarsiz balki? Ajablanmang, bu xato mahsuli emas. Atayin shunday qilindi. Zulmdan qochmoqlikning, zulmga nafrat qilmoqlikning yoʻllaridan biri — zulm aslan qanday ekanini yaxshiroq va aniqroq koʻrish, anglash, tahlil qilmoqlikdir. Nafsning kelajagi — zulmdir, zulmning kelajagi esa — xorlikdir. Biz ana shu oddiy haqiqatni bayon qilmoqchi boʻldik. Badan pokligi badanga, ruh pokligi ruhga hayot bagʻishlaydi.

Olloh Taborak va Taolo «Mulk» surasining ikkinchi oyatida marhamat qilib aytadiki: «Bismillahir Rohmanir Rohim. Allaziy xolaqol mavta val hayata liyabluvakum ayyukum ahsanu amalan. Va huval azizul gʻofur.» (s.a.) (Ma’nosi: Ey Odam farzandlari! U oʻlimni va hayotni sizlarning qaysi birlaringiz amalda yaxshiroq ekanliklaringizni sinash uchun yaratgandir. U barchadan gʻolibdir va gunohlarni kechuvchidir.) Qarang, insonni sinash uchun oʻlim va hayot yaratilgan ekan. Ajab, nima uchun bu oyati karimada avval «oʻlim», soʻngra esa «hayot» kalimasi kelyapti? Ba’zi ulamolarning aytishlaricha, buning hikmati odamlarni yaxshi amallarga chorlash ekan. Boshqa ulamolar esa, «Tafsiri hilol»da ta’kid etilganidek, buning hikmatini «oʻlim» kalimasining mazmuni «hayot» kalimasining ma’nosidan teranroq, qamrovliroq ekanida, deb biladilar. Ya’ni, hayot — bu oʻtkinchi dunyoning qisqa davri, oʻlim esa boqiy dunyodagi abadiy hayotning boshlanishini bildirar ekan. Demakki, oʻlim — foniy dunyo intihosi va boqiy dunyo ibtidosidir. Shunga koʻra, oʻlimni eslagan odam doimo unga tayyorgarlik koʻrishi va foniy dunyoni tark etgach, sharmanda boʻlmaslik uchun oʻzini yaxshi ishlarga safarbar qilmogʻi lozim ekan. Ammo, biz — ojiz, notavon, gunohkor bandalar bunga hamisha ham amal qilavermaymiz.

Bu dunyoni tashlab ketganlar gapira olsalar edi, biz bu gaplarni eshita olsak edik, gʻaflatdagi yumuq koʻzlarimiz moshdek ochilarmi edi...

Biz «gapirmaydilar», deymiz, aslida ular gapiradilar, ammo biz eshitmaymiz, eshitsakmi edik, qalblarimiz poralanib ketarmi edi... ularning afsuslari, chekkan nolalaridan quloqlarimiz qomatga kelarmi edi...

Suyukli paygʻambarimiz Muhammad, sallallohu alayhi vasallam, shunday marhamat qilgan ekanlar: «Jonim qoʻlida boʻlgan zotga — Ollohga qasamki, sizlar mening soʻzlarimni ulardan (ya’ni oʻliklardan) yaxshiroq anglaguvchi zmassizlar, faqat ular javob qila olmaydilar xolos...»

Bu muborak oyatu hadislarning ma’nosiga yetmogʻimizni Olloh barchalarimizga nasib etsin.

Necha kunlaringizni, tunlaringizni, soatlaringizni ayamay biz bilan hamsuhbat boʻlganingiz uchun sizlardan benihoya minnatdormiz. Olloh barchalaringizning xonadonlaringizga qut-barakot berib, kullu ofatlardan asrasin.

Barchalarimizga ruh pokligi nasib etsin! Omiyn ya Robbil-olamiyn!

III- qism
 
Keyingi