OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiOdamiylik mulki (II- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot
Hajm302KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/28
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
Axloq kitobi, Birinchi kitob

Mas'ul muharrir: Muhammad Sharif Juman

Taqrizchi: filologiya fanlari nomzodi Abdumurod Tilavov



iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Odamiylik mulki (II- qism)
Tohir Malik

Bemehr qarindoshdan mehr bilgan yot yaxshi

Avvalgi bobdagi fikrimizni “Silai rahm” deb ataluvchi, Allohga xush keluvchi yaxshi odoblardan biri haqidagi oyatlar, hadisi sharifdan namunalar, rivoyatlar va mulohazalar bilan davom ettiramiz.

“Bir qoringa siqqan bolalarim bitta uyga sigʻmasa-ya!”

Onalarning bunday faryodlari bizlar uchun yangilik emas. Qarindoshlar, yoki qoʻni-qoʻshnilar xonadonida eshitganingiz bordir bunday nolalarni. Ba’zan esa... otamiz yoki onamiz yoki eng yaqin qarindoshimiz vafot etari oldidan “mendan keyin yuz kilo guruch damlab, osh tarqatlaring”, deyishmaydi. Men bunday vasiyatni eshitmaganman. Sizning ham qulogʻingizga chalinmagandir. Biroq, “Mendan keyin ahil-inoq yashanglar”, deyishlari aniq. Ayniqsa oilaning toʻngʻich farzandiga “Sen kattasan, ukalaringning boshlarini qovushtirib tur”, deb soʻnggi oʻtinch bilan tikilishlarini koʻz oldimizga keltiraylik. Soʻng esa... “yigirma oshi” yoki “yil oshi” deyilmish dabdabadan soʻng aka-ukalar, qarindoshlar orasida nifoq chiqishi, mehr rishtalari uzilishi hollarini ham unutmaylik.

Yana unutmaylik-ki, marhum ota-onamiz yoki qarindoshimiz bu oshlarga muhtoj emaslar. Ularning ruhlari bu ziyofatlardan shodlanmaslar balki, mehrning uzilishidan ozorlar chekarlar.

Bu boʻlgan voqea: bir qoringa siqqan aka-uka bir hovli-joyga sigʻmay qolishdi. Amakivachcha sanalmish bolalarning oʻzaro janjallari uchun ularni ayblash nooʻrin. Chunki ular yosh, koʻp narsalarga aqllari yetmaydi. Ziddiyatlarining asosida ayrim hollarda gʻaraz yoki shumlik yotmaydi, bu janjallar bolalarcha shoʻxlikning oqibatida yuzaga keladi. Ammo, afsuskim, ayrim hollarda nafrat ham uchraydi. Bolalarga bu nafratni ota-onalari oʻzlari bilmagan holda singdiradilar. Qanday qilib? Aytaylik, kechki ovqat paytida kunduzgi voqealardan gap ochiladi. Xotin ovsinining yomonligidan soʻzlaydi. Nodon er akasining biron qiligʻidan noliydi. Shunday gaplari bilan amakivachchalar orasiga oʻnglanmas nifoq solayotganlarini bilmaydilar. Otasi va onasining gaplarini diqqat bilan eshitib oʻtirgan bola uchun bitta narsa ravshan boʻladi: amakisi yomon! Uning oilasi - xullas, hammasi yomon! Yomon... yomon... ulardan nafratlanish kerak. Shunday gʻiybat sharobi ichilayotganda ayrim bolalar otasi va onasini qoʻllash maqsadida amakivachchasining biron yomonligidan gapirib, olovga moy quyadi. Qalblardagi mehr oʻrnini egallagan yara shu tarzda madda bogʻlaydi. Vaqt oʻtgan sayin u qalblarni azobga soladi va mudhish kunlarning birida yoriladi.

Aka-ukaning gap talashishi soʻkishga, haqoratlash esa birining ketmon koʻtarib hamla qilishiga aylandi. Gʻazabga mingan aka-ukani ajratishga harakat qilayotgan oʻn olti yoshli oʻgʻil otasining qonga belanganini koʻrib, oʻzini yoʻqotadi, qoʻliga chalgʻi oladi. Uzoq davom etgan nifoq aka-ukaning fojiali oʻlimi va oʻsmirning qamoqqa tushishi bilan yakunlanadi. Qonga belanib yotgan aka-ukaning koʻzlari “Bu qanaqasi boʻldi?” deganday ochiq qoldi. Bu dunyoga toʻyolmagan koʻzlarni yopa olishmadi. Katta hovli-joyga sigʻmagan aka va ukaning har biriga ikki qulochli ikki lahad kifoya qildi. Bir hovlida yonma-yon yashashni istashmagan edi, qabristonda yonma yon qabrlardan joy olishdi. U dunyodagi ahvollari bizga noma’lum. Ota-onalari bilan qiyomatda qay holda koʻrishishlari ham noma’lum. Farzandlarining bu fojiasi tufayli ota-onaning ruhi to qiyomatga qadar nechogʻli azob chekmogʻi ham yolgʻiz Allohga ma’lum.

Bizning ajablanishimizdan oʻzga ilojimiz yoʻq. Gap shundaki, aka-ukaning oʻlimi ikki oila oʻrtasidagi nifoqni oʻnglamadi. Ovsinlarning gʻaflat uyqusidagi koʻzlari ochilmadi, qarindoshlar esa ibrat olishmadi. Aka-uka ekib ketgan nifoq urugʻi unib chiqib bemehrlik mevalarini beraverdi. Hasan Basriy (r.a.) Allohning kalomiga asoslangan holda “Qaysiki odamlarda ilm koʻrinib, unga amal qilishmasa, til bilan aytishni yaxshi koʻrishib, qalblari bilan gʻazablanishsa, qarindoshlari bilan uzilishgan boʻlishsa, Alloh ularni la’natlaydi, kar qiladi, va koʻzlarini koʻrmaydigan qilib qoʻyadi”, deganlarida aynan shu kabi insonlarni nazarda tutgandirlar? Vallohu a’lam.

Yana ajablanamiz: namoz oʻqiymiz va deymizki, bu ibodatni Alloh farz qilgan. Ammo qarindoshlar bilan uzilib ketamiz, bilmaymizmiki, Alloh bandalariga silai rahmni ham farz qilgan. Bilmasak, bilib olaylikkim, toki qiyomatda sharmanda boʻlmaylik. Abu Ayyub Ansoriy (r.a.) rivoyat qilishlaricha, bir a’robiy Rasulullohga (s.a.v.) yaqinlashib soʻradi: “Meni jannatga yaqin va doʻzaxdan uzoq qiladigan amallarni aytib bering”. Rasululloh unga dedilar: “Alloh taoloning oʻzigagina qullik qilasan, unga hech narsani sherik qilmaysan, Alloh buyurgan namozlarni vaqtida ado qilasan. Molingdan zakotni berasan va silai rahm qilasan”. Mazkur bayondagi topshiriqlar Islomning besh arkoni - besh farzni eslatmayaptimi? Silai rahm shu farzlar qatoridagi zarur ibodatlardan ekan.

Alloh taborak va taolo bandalariga marhamat qiladikim: “Agar iymondan yuz oʻgirsangizlar, sizlar yer yuzida buzgʻunchilik qilursizlar. Va qarindosh-urugʻlaringiz bilan ham aloqalaringizni, qarindoshlik rishtalarini uzarsizlar. Unday kimsalarni esa Alloh taolo la’natlagandir. Bas, ularning quloqlarini pand-nasihat eshitishdan kar, koʻzlarini toʻgʻri yoʻlni koʻrolmaydigan koʻr qilib qoʻygandir”. Muhammad surasidagi ikki oyatning ma’no tarjimasi bilan tanishgach, bu ma’noni aqlimizga singdirishga urinaylikda, soʻng yana avvalgi voqeaga qaytaylik: demak, kim buzgʻunchilik qilarkan, kim qarindoshlaridan uzilib ketarkan? Iymondan yuz oʻgirganlar. Agar bir-birini oʻldirgan aka va ukada iymon boʻlsa ahil-inoq yashamasmidi? Farzandlarini ham silai rahm ruhida tarbiya etmasmidi? Albatta, marhumlar haqida yomon gapirish odobdan emas. Ularni iymonsizlikda ayblash esa rahmsizlik boʻlib koʻrinar. Ammo, nailoj, boshqalarga ibrat boʻlsin uchun haqiqatni aytishga majburmiz. Bunday kimsalarga Allohning la’nati tushgani - shu fojianing yuz berganida koʻrinmaydimi? La’nat faqatgina oʻlim emas, balki ular uy-joy talashishni boshlaganlaridayoq Allohning gʻazabiga uchraganlar, biroq, iymondan holi onglari buni fahmlay olmagan. Hamonki bunday kimsalar Allohning la’natiga loyiq ekanlar, ularning oxiratlarini taxminan tasavvur qilish mumkin. Allohning bu ikki oilani la’natlashi hali tugagani yoʻq. Allohning la’natlashi oʻz rahmatidan va hidoyatidan uzoq qilishi bilan boʻladi. Koʻr va kar qilishi ham jismoniy emas, ma’naviy tomondan boʻladi. Koʻzi hamma narsani sogʻ-salomat koʻrib turadi, lekin koʻrgan narsalaridan ibrat olmaydi. Qulogʻi ham sogʻ boʻladi, lekin oʻzi eshitgan narsalaridan ibrat olmaydi. Chunki ularning qalb koʻzlari koʻr, qalblari qulflangan. Qalb qulf ekan, unga hech narsa, jumladan Qur'on nuri ham kirmaydi. Boshqacharoq aytsak, bunday qalblar Qur'on nuri bilan nurlanishga ragʻbat koʻrsatmaganlari uchun ham oqibatda qulflanib qoladilar. Aka-ukaning fojiasidan ibrat olmagan ovsinlarning, amakivachchalarning taqdirlari shunday emasmi?

Alloh bandalarni ogohlantiradi: “...oralaringizdagi savol-javoblarda (ya’ni oʻzaro muomalada) nomi keltiriluvchi Allohning qahridan qoʻrqingiz va qarindosh-urugʻlaringiz bilan ajralib ketishdan saqlaningiz. Albatta Alloh sizlarni kuzatib turuvchidir”. (Mazkur oyatning ma’no tarjimasi bilan qiziqqanimizda uch tarjimada uch xillik koʻrdik. Aslan, soʻzma soʻz tarjima qilinsa oʻzbekchada “Oʻzaro soʻrashadiganingiz Allohga va qarindoshlikka taqvo qiling” degan ma’no chiqarkan. Uch mutarjimning oʻzbekcha soʻz ishlatishlarida xatolik yoʻq, ma’no ham buzilmagan, shu uchun erkinroq tarzdagi ma’no bayonini oldik. Koʻpchilik “taqvo” atamasini “Xudodan qoʻrqish” deb ishlatadi. Bu haqda avvalgi risolamizda fikr bildirgan edik. Bu oʻrinda shu masalani eslash ehtiyoji tugʻildi. Allohni biz rahmli, mehribon, gunohlarni kechiruvchi, tarbiyalovchi, toʻgʻri yoʻl koʻrsatuvchi kabi sifatlar bilan taniymiz. Shu bois, mehribon va rahmli zotdan qoʻrqish mantiqsizday tuyuladi. Atamani toʻgʻri tarjima qilish uchun “gʻazabidan” degan soʻzni qoʻshish ehtiyoji tugʻiladi. Ya’ni gunoh ishlardan qaytmay Allohning qahru gʻazabiga uchrashdan qoʻrqish. Gunoh ishlari uchun doʻzax olovida yonishdan qoʻrqish... Agar bu fikrimiz xatoga yoʻyilmasa, oyatni “qarindosh-urugʻlar bilan ajralishib ketsangiz Allohning gʻazabiga uchraysiz.

Allohning qahri gʻazabiga uchrashdan qoʻrqingiz”, tarzida tushunsak toʻgʻri boʻladi.) Odatda, kishilar oʻzaro mehr va lutfga erishmoqchi, oʻzlariga nisbatan moyillik uygʻotmoqchi boʻlsalar, oraga Allohning nomini qoʻshadilar. Allohning nomi bilan odamlar orasida oʻzaro ahdnomalar tuziladi, va’daga vafo qilish soʻraladi va hatto qasam ham aytiladi. Ba’zan ikki tomon orasida qarindoshlik rishtalari boʻlsa, qasam yoki ahdnomaga bu ham qoʻshiladi. Bu borada Allohning gʻazabidan qoʻrqish - muqaddas aloqalarni ulugʻlash, haq-huquqlarini ado etish, ularni muhofaza qilish, uzmaslik bilan ifodalanadi. Alloh barcha harakatlarimizni kuzatib turadi, yaqinlarimizga nisbatan ozgina xiyonat qildikmi, bas, jazo muqarrardir.

“Albatta Alloh adolatga, chiroyli amallar qilishga va qavm-qarindoshlarga yaxshilik qilishga buyurur hamda buzuqlik, yomon ishlar va zoʻravonliklardan qaytarur. U Zot shoyad ibrat-eslatma olarsizlar, deb sizlarga pand nasihat qilur” (Nahl surasidagi 90-oyatning ma’nosi). “Mufassirlar shohi” deb e’zozlangan Abdulloh ibn Mas'uddan (r.a.) qilingan rivoyatda u kishi “Qur'ondagi eng jamlovchi oyat shu oyatdir. Ergashiladigan yaxshilikni ham, chetlanishi lozim boʻlgan yomonlikni ham jamlab, zikr qilgan”, deydilar.

Endi yana baxti qaro oilaga qaytaylik: bu ikki oilada oʻzaro adolat bormidi? Adolat yoʻq joyda bir-biriga chiroyli amallar (ehson) mavjud boʻlishi mumkinmi? Alloh yaxshilik qilishga buyurgan edi, ular-chi? Buzuqlik, yomonlik, zoʻravonlikdan qaytargan edi, ular qaytdilarmi? Biz buzuqlik (fahsh) deganda asosan er-xotin orasidagi nomusga oid muomalani tushunamiz. Aslida bu soʻzning lugʻaviy ma’nosi “haddan oshishlik”ni anglatadi. Demak mazkur holatda bu ikki oilaning bir-birlariga dushmanlik bobida haddan oshganlarini tushunish mumkin. Yana afsuski, ular eng muhim narsani - Allohning pand-nasihatlarini quloqqa ilmadilar. Oqibati esa oʻzingizga ma’lum.

Shulardan voqif boʻlgach deylik-ki:
-Ey koʻngil! Gʻaflatdan uygʻon! Sen yuz oʻgirib ketmoqchi boʻlayotgan kimsaning kimligini unutma! U akang yoki ukangdir, u opang yoki singlingdir. U eng yaqin qarindoshingdir. Ularga nisbatan qalbingda nafrat uygʻonsa, ulardan yuz oʻgirib ketishni ixtiyor qilganing damda bir daqiqa shoshma. Ha, seni doʻzax olovidan asrab qolish uchun shu bir daqiqa kifoya qiladi. Shu bir daqiqa ichida Allohning buyurganlarini aql koʻzgusida koʻrib olsang bas. Shu bir daqiqa ichida johillik uyqusidan uygʻonishga oʻzingda kuch topsang bas. Ey koʻngil, agar sen shaytonning yoʻliga adashib kirib qolgan boʻlsang - qarindoshlaringdan uzoqlashgan boʻlsang, esingni yigʻib olginu Rahmon yoʻliga qaytishga shoshil. Qarindoshlaring bilan sen talashayotgan narsa aslida seniki emas. Sen talashayotgan narsa senga ham, qarindoshlaringga ham vafo qilmaydi. Sen talashayotgan narsangga ega chiqishing ham mumkin, ammo koʻp oʻtmay uni baribir tashlab, boqiy dunyoga ketasan. Agar qarindoshlaringga silai rahm qilsang, sen oxiratga ularning duolari bilan borajaksan. Oxirat eshigini oʻzingga hamisha hamroh iymon nu

Anas ibn Molikdan rivoyat qilishlaricha, uch toifa odam qiyomat kuni Arshning soyasida boʻlarkan. Shulardan dastlabkisi silai rahm qiluvchi ekan. Bundan ma’no: uning umri va rizqi silai rahm bilan ziyoda boʻlgan deganidir. (Arshning soyasidagi ikkinchi toifa - eri oʻlib, yetim farzandlarini Alloh behojat qilgunicha tarbiyalagan xotin, uchinchi toifa - taom tayyorlab, yetim miskinlarga yedirgan odam.) Odam bolasining Arshning soyasiga yetkazadigan silai rahm deganda biz nimalarni tushunamiz? Keling, ulamoning fikrlarini bir eslaylik:

Ulugʻlarimizning aytishlaricha, silai rahmda oʻnta maqtalgan xislat bor ekan:

  • Silai rahmda Allohning rizosi bor, chunki Alloh taolo shunga buyuradi.

  • Ularga (moʻ'minlarga) xursandchilik yetkazmoqlik bor. Chunki ular silai rahm bilan quvonadilar.

  • Silai rahmda maloikalarning ham xursandchiligi bor. Chunki ular ham silai rahmga guvoh boʻlgan onlarida quvonadilar.

  • Silai rahmda musulmonlar sha’niga yaxshi maqtov bordir.

  • Silai rahmda iblisga gʻam yetkazmoqlik bordir.

  • Umrning ziyoda boʻlishida silai rahmning hissasi bor.

  • Rizqning barakali boʻlishini silai rahmsiz tasavvur etmoq qiyin. Bunga misol tariqasida bir rivoyatning qisqa bayonini beramiz: Ota-onasi vafot etgan aka-ukaga bir qopgina bugʻdoy meros qoladi. Aka-uka meros haqiga xiyonat qilmay, uni teppa-teng boʻlib oladilar. Shu kuni akaning koʻngli ogʻriydi: “Ukam hali uylanmagan, ham oʻzini boqishi kerak, ham toʻyga yigʻishi kerak. Bolalarimning rizqini Allohning oʻzi berar”, degan oʻyda omborxonaga kirib oʻziga ajratib olgan ulushdan ukasining qopiga toʻkadi. Shu kuni ukaning ham koʻngli ogʻriydi: “Men bitta qornimni eplab toʻydirib yurardim. Akamning oilasi qiynalib qolishi mumkin”, degan oʻyda u ham omborxonaga kirib oʻzining ulushidan akasining qopiga toʻkadi. Bu hol har kuni takrorlanaveradi. Ammo ikkala qopdagi bugʻdoydan bir misqol ham kamaymaydi. Shunda aka-ukalar ajablanishib, bir donoga maslahatga borganlarida u bor gapni yashirmay aytishlarini talab qiladi. Voqeadan xabar topgach esa “Bir-birlaringizga mehr-oqibatli boʻlganingiz uchun Alloh sizlarning rizqingizga shunday baraka beribdi. Oralaringizdagi silai rahm barqaror ekan, rizqingiz shunday moʻl boʻlaveradi”, debdi. Bu xususda Rasululloh (s.a.v.) marhamat qilganlarkim: “Kim rizqi moʻl boʻlishini, ajali orqaga surilishini istasa, qarindoshlik aloqalarini uzmasin”.

  • Silai rahm tufayli vafot etib ketganlarga ham xursandchilik yetadi. Foniy dunyoni tark etgan ajdodlar ruhi avlodlarining silai rahm bilan bogʻlanganlaridan quvonadi.

  • Silai rahmda doʻstlikning ziyoda boʻlishi bor. Bir sabab oʻrtaga tushib, xursandchilik va gʻamdan toʻplanishgan doʻstlar bir-birlariga yordam beradilar va bu ulardagi doʻstlikning ziyoda boʻlishiga yordam beradi (Bu xususda “Eng yaxshi doʻst” deb nomlanuvchi bobda batafsil fikrlashish niyatimiz bor).

  • Silai rahmda kishining vafotidan keyin ham ajrning ziyoda boʻlishi bor. Chunki qarindoshlar uni oʻlganidan keyin ham duo qiladilar, yaxshiliklarini doimo eslab yuradilar. Buning aksi boʻlsa, rivoyatdagi holat yuzaga kelishi mumkinki, Alloh saqlasin!

Yahyo ibn Salimdan rivoyat qiladilar:

“Makkada biz bilan birga Xuroson ahlidan boʻlgan bir kishi bor edi. U solih kishi edi. Odamlar unga oʻz omonatlarini ishonib topshirar edilar. Bir kishi unga oʻn ming dirham pulini qoldirib oʻzi safarga ketdi. Omonat qoʻygan kishi safardan qaytganida u solih odam vafot etgan edi. Shu bois omonatchi u kishining oilasidan molini soʻradi. Oila ahli bundan bexabar edilar. Omonatchi olimlarga murojaat qilib, maslahat soʻradi. Ular aytdilarkim: “Bizlar u xurosonlik birodarimizni jannat ahlidan deb umid qilamiz. Kechaning uchdan biri yoki ikkinchisi oʻtgan onda Zamzam bulogʻi yaqiniga kelgin va bu soʻzlar bilan xabar bergin: “Ey Falonchining oʻgʻli Falonchi! Men omonat egasiman!” Shunday desang, insha Alloh, javob eshitgaysan”. Haligi odam kelib, bu soʻzlarni uch marta aytdi. Hech kim javob bermadi. U odam olimlarning huzuriga qaytib, voqeani bayon qildi. Ular dedilarkim: “Albatta, biz Allohnikimiz va Allohga qaytajakmiz! Bizlar u birodarimizning doʻzax ahlidan boʻlmogʻidan qoʻrqyapmiz. Endi Yamanga borgin, u yerda bir vodiy bor. Uni Barxut deydilar. U yerda bir quduq bor, uni top va kechaning uchdan biri yoki uchdan ikkisi oʻtganida: “Ey Falonchining oʻgʻli Falonchi! Men omonat egasiman!” deb baqirgin”, U kishi Yamanga borib, vodiydagi quduqni topdi. Birinchi chaqiruvdayoq javob eshitildi. Shunda mol egasi afsuslanib: “Shoʻring qursin, seni bu yerga qaysi amallaring tushirdi? Axir sen yaxshilik egasi eding-ku?” dedi. Javob boʻldikim: “Xurosonda mening ahli baytlarim, qarindoshlarim bor edi. Oʻlgunimga qadar ular bilan bordi-keldi qilmay, uzilishib ketdim. Alloh taolo meni shu azob bilan ushlab, bu manzilga tashladi. Ammo molingdan havotir olma. Men oʻgʻlimga aytib qoʻyishga ulgurmagan edim.

Uyimning falon yeriga koʻmilgan, oʻgʻlimga aytgin, molingni kavlab olib, oʻzingga qaytaradi”. Omonat qoʻygan odam molini qaytarib oldi. Shu mol bahona silai rahmning kuch-qudratini ham his qildi. Oʻtmishdan bugunga qaytib fikr qilaylik: u odam Xurosondagi qarindoshlaridan uzilgan ekan. Oradagi masofa necha oylik mashaqqatli yoʻl boʻlsa-da, kishiga silai rahmni uzishga bahona boʻlolmas ekan. Biz-chi? Bir shaharda, hatto bir mahallada, hatto bir hovlida turganimiz holda jigarlarimizdan uzilib ketganimiz uchun Allohdan qanday jazo olamiz? Xasta ovozimiz qaysi sahroning qaysi qurib qolgan qudugʻidan chiqar ekan? Alloh saqlasin! Shu fikrning oʻziyoq kishi vujudini qoʻrquvga solib, qaqshatib yuboradi... Qoʻrqmay ham boʻladimi, axir Rasululloh (s.a.v.) “Silai rahm qilmaydigan kishi jannatga kirmaydi”, deb ogohlantirganlar-ku? Tasavvur qilaylik-ki, qiyomatda kimdir umid bilan jannat sari boradi ammo unga jannatning hech bir eshigi ochilmaydi va hukm aytilarki: “doʻzaxga kir!” deb. Qanday sharmandalik! Qanday fojia bu!

Yuqorida sanalgan oʻn xislatni jamlab turib, silai rahm - yolgʻiz Allohning roziligi uchun faqat xolis ravishda bajariluvchi ibodatlardan biri, desak ham boʻladi. Silai rahmda ta’na, hasad, riyo, ta’ma, kibr kabi illatlarga zinhor oʻrin boʻlmaydi. Kimda bunday illatlardan bittasi boʻlsa ham silai rahmdan soʻzlamogʻi quruq safsata boʻlib qoladi. Abdulloh ibn Amr (r.a.) aytadilar: “Rasululloh (s.a.v.) “Avval silai rahm qilgan kishiga keyin javob tariqasida silai rahm qiluvchi haqiqiy silai rahm qiluvchi emas. Chinakamiga silai rahm qilish deb silai rahm qilishdan bosh tortgan kishiga silai rahm qilishni aytadilar”, - dedilar”. Biz hayotimizda mazkur hadisga amal qilmaydiganlarni uchratib turamiz. “Falonchi shifoxonada ekan, koʻrib kelaylik”, desangiz “U men kasal boʻlganimda kelib koʻribmidi, bormayman”, degan javobni eshitamiz. Bir kuni “Falonchi birodarimiz vafot etibdilar, fotihaga borib kelaylik”, degan taklifga “U odam otam oʻlganida yigirma oshiga kelmagan edi, menam fotihasiga bormayman”, degan javobni eshitib, hayratdan yoqa ushladik. Yaqinda bir kishining xolasi vafot etganini eshitib, ta’ziya bildirganimizda undan “Hayotlik paytlarida bizga foyda-zararlari yoʻq edi, oʻlganlaridan keyin ham hech narsa yoʻqotmagandaymiz”, degan ahmaqona javobni eshitdik. U odam qarindoshchilikdan foyda koʻzlab yashar ekan, Allohning rizoligini izlamas ekan. Uning oʻtmas aqli xolasining oʻz onasidan yodgor ekanini ham fahm etmas ekan. Xolasini ziyorat qilmay yurgani uchun onasining ruhi azob chekkanini ham oʻylab koʻrmagani aniq. Oʻzining yaqin qarindoshiga shunchalik bemehr odamning boshqalarga boʻlgan hurmatini soxta deyishga haqqimiz bormi?

Shifoxonada davolanayotganimda yon xonadagi badavlat va amaldor bemorni tanishlarimdan biri har kuni yoʻqlardi. Amaldorning hech narsaga muhtojligi boʻlmasa-da, qogʻoz xaltalarni toʻldirib, nimalardir olib kelardi. Ba’zi kunlari ikki marta yoʻqlardi. Men uning bu serqatnovligidan gʻashlanmadim. Agar niyat xolis boʻlsa, bemorni yoʻqlash ham savob. Gʻashligim boshqa tomonda edi: uning ukasi, mening birodarim bedavo xastalikka chalinib, ikki yildan beri toʻshakda harakatsiz yotardi. Uning dori-darmonidan birodarlari xabar olib turishardi. Allohga shukrlarkim, dunyoda iymon va insof egalari koʻp, nochorlar qarovsiz qolmaydi. Ammo achinarlisi, shifoxonadagi boy va amaldor odamni tinmay yoʻqlayotgan bu “serhimmat” oʻz ukasidan xabar olmasdi. Bemorning xonadonidagi biron marosimga aytilsa, kelardi. Shunda ham “ikki barmogʻini burniga tiqib” kelardi. Atrofdagilarga safsata sota-sota ketardi. “Ehtimol aka-uka orasida gap qochgandir, kelishmovchilik bordir?” dersiz? Yoʻq, talashib-tortishish boʻlmagan. Faqat akada iymon yoʻq. Ukasidan foyda kelmasligini bilib, uni mensimaydi. Afsuslarkim, bu dunyoda “sendan ugina, mendan bugina” degan shior ostida yashaydiganlar ham bor, biz ularga Allohdan insof tilaylik-da, bu sharafli hadisni yodga olaylik: Abdulloh ibn Abu Avf (Alloh undan rozi boʻlsin) aytadilar:

“Arofat kechasida Paygʻambar (s.a.v.) bilan birga oʻtirgan edik. Aytib qoldilarkim: “Silai rahmni uzgan kishi bu kecha men bilan birga oʻtirmasin, bizdan ketsin”. Majlis ahlining poygagida oʻtirgan kishidan boshqa hech kim oʻrnidan turmadi.

Bir oz vaqt oʻtganidan soʻng u kishi qaytib kirib, joyini egalladi. Shunda Rasululloh (s.a.v.) “Nima uchun sendan boshqa hech kim davramizdan turmadi?” deb soʻradilar. U kishi aytdikim: ”Ey Rasulalloh, sizdan boyagi tanbehni eshitib, xolamnikiga bordim. U kishi bilan janjallashib, oramiz buzilgan edi. Borganimda xolam menga “Nima uchun kelding, bunaqa odating yoʻq edi-ku”, deb soʻradilar. Men siz aytgan hadisning xabarini berdim. Mendan oldinroq xolam kechirim soʻradilar, men ham uzrimni aytdim”. Rasululloh (s.a.v.) bu gapni eshitib dedilar: “Yaxshi qilibsan, bu kechani biz bilan birga oʻtkaz. Ogoh boʻlinglarkim, Allohning rahmati silai rahmni uzgan qavmga tushmaydi”. Tabaroniy hazratlari mazkur hadisni bunday sharh etganlar:
-Millat ichida qarindoshlik aloqalarini uzganlar bor boʻlsa, bu millatga farishtalar tushmaydi.

Yana Tabaroniy aytadilar: “Ibn Mas'ud bomdod namozidan keyin bir jamoat ichida oʻtirardi. Dediki:
-Xudo haqqi, qon-qarindoshlik aloqalarini uzganlar bor boʻlsa, oramizdan turib ketsin! Biz Rabbimizga duo oʻqimoqchimiz. Qon-qarindoshlik aloqalarini uzganlar bor joyda osmon eshiklari yopiq boʻladi, duolar qabul etilmaydi.

Bu ogohlantirishga e’tibor beraylik: silai rahmni uzgan kishi faqat oʻziga jabr qilmay, uning kasri butun qavmga urar ekan. Demak, qarindoshchilikni uzgan birodarlarimizga vaqtida tanbeh berib turishimiz zarur ekan. “Gapirsam ranjiydi, qarindoshlar bugun boʻlmasa ertaga topishib ketishar”, degan istiholani yigʻishtirib qoʻyib, oradagi silai rahmni tiklashga oʻz hissamizni qoʻshishimiz kerak ekan. “Bugun boʻlmasa ertaga...” Bugun silai rahm uzilgan boʻlsa, umid qilganimiz ertaga kim bor, kim yoʻq. Mayli, bemehr birodarimiz bizning bugungi tanbehimizdan ranjisin, biroq keyingi ogohlantirishimiz ta’sir etib qolar? Silai rahmni tiklasa, unga jannat eshiklarining ochilishiga hissamiz qoʻshilgani uchun hech boʻlmasa qiyomatda bizdan rozi boʻlar?

Yuqorida bayon etganimiz hadisi sharif kabi yana bir hadisi sharif borki, mazmun bir oz oʻxshasa-da, masala muhim boʻlgani uchun uni ham yodga olishni ma’qul koʻrdik.

Bir kishi Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga kelib: “Men qarindoshlar bilan silai rahm qildim, ular mendan uzildilar. Ularni afv etdim, menga zulm qildilar. Ularga yaxshilik qildim, menga yomonlik qaytardilar. Ularga endi xuddi oʻzlaridek muomala qilaverayinmi?” -dedi. Rasululloh (s.a.v.) aytdilar: “Yoʻq, bunday qilsang, ularning gunohlariga sherik boʻlib qolasan. Sen ularga yaxshilik va silai rahm qilishda davom etaver. Shunda senga Allohdan quvvat davomli boʻladi”. (Boshqa bir rivoyatda Rasululloh (s.a.v.) arz qilgan kishi “Ular jabru jafo qilsalar ham men sabr etaman”, deganida unga qarab bunday deganlar: “Agar gaping toʻgʻri boʻlsa, ularning ogʻziga qizdirilgan kulni solganday boʻlibsan. Sen shu ishingni davom ettiraversang, Alloh taolo senga yordam beradi va ularning jabru jafosini daf' qiladi”.)

Hadisi qudsiyda deyiladiki: “Ey Odam farzandi, qarindoshlaringga yaxshilik qilib, qoʻshilib yur, umringni uzun qilay”. Umrning uzaytirilishi masalasida ayrim olimlarimiz “Taqdir avvaldan belgilab qoʻyilgan boʻlsa, masalan, umri falon yil boʻlsa, Alloh uni oʻchirib, uzaytiradimi?” degan savolni oʻrtaga qoʻyishsa, boshqalari dalil sifatida mana bu oyati Karimani keltiradilar: “Alloh Oʻzi xohlagan narsani (ya’ni hukmni) oʻchirur va Oʻzi xohlagan hukmni barqaror qilur. Ona kitob (boshqacha aytilsa - Asl kitob, ya’ni Lavhul-Mahfuz) Uning huzuridadir” (Ra’d surasidan). Shunga koʻra hadisi qudsiyni biz aslan, toʻgʻridan toʻgʻri tushunsak bunday ma’no oʻqiymiz: kim silai rahm qilsa, umridan uch kun qolgan boʻlsa ham, Alloh taolo uning umrini oʻttiz yil ziyoda qiladi. Agar silai rahmni uzgan paytida umridan oʻttiz yil qolgan boʻlsa, Alloh taolo uni uch kunga tushirib qoʻyadi. Bu tushuncha boʻyicha biz - omilarning adashishimiz tabiiy, lekin ulamo ham ixtilof qiladilar. “Tanbehul gʻofiliyn”da bu masalaga oydinlik kiritilgan ekan: ba’zilar aytadilarki: “Kim silai rahm qilsa, umri ziyoda boʻladi”, degan xabar zohiriydir.

Yana ba’zilar aytadilar: “Taqdir oʻzgarmaydi, chunki Alloh taolo “Bas, qachon ularga ajallari yetsa, uni biron soat ketga ham, ilgariga ham sura olmaydilar” (A’rof surasidan), degan. Lekin umrning ziyoda qilishning ma’nosi oʻlimdan keyin uning savoblarini yozishda davom etmoqlikdir. Oʻlimidan keyin ham unga savob yozilaverilsa, goʻyoki umri ziyoda qilinganday boʻladi.

Mening Dilshod ismli birodarim boʻlardilar (Alloh uni rahmat qilsin). Birodarimning moʻ'minga xos fazilatlari anchagina edi. Ammo bittasi haqida atrofdagi odamlar ham koʻp gapirardilar. Bu fazilati uning silai rahm odobini bekamu koʻst bajarishida koʻrinardi. Uning akasi besh singlisi va bir ukasi bor edi. Doʻstim boshqa hovli-joy qilib chiqib ketgandilar. Ammo men uni kunda boʻlmasa ham kun ora ota hovliga, muhtarama onalarini ziyoratiga kelishlariga guvoh boʻlardim. Ba’zan xizmatda ushlanib qolsalar ham, “ertaga borarman”, demasdan odatlarini kanda qilmay ziyoratga kelardilar. Onaga nisbatan bu qadar mehribonliklari uchun ajrlari bisyordir, insha Alloh. Ammo besh singilga boʻlgan mehribonliklari onaga boʻlgan ehtiromlaridan kam emasdi. Singillarini ham tez-tez yoʻqlashni kanda qilmasdilar. Bir kuni “Singillarning koʻngli yarimta boʻladi. Ular har kuni uylaridan bir odam kelishini kutib yashaydilar. Mening qadam bosib borishdagi zahmatim ularning meni koʻrganlaridagi quvonchiga arzimaydi”, deganlari esimda.

U damlarda masalaning diniy mohiyatidan bexabar edim. Keyinroq bilsam, doʻstim Allohning farzlaridan birlarini ado etish bilan band ekanlar. Rasulullohning (s.a.v.) “Allohning gʻazabidan qoʻrqinglar va silai rahm qilinglar. Chunki u sizlar uchun dunyoda hamma

narsadan yaxshiroqdir, mustahkamroqdir. Oxiratda sizlar uchun yanada yaxshiroqdir” degan muborak soʻzlarini hadis kitoblarida oʻqiganimda shu doʻstimni eslagan edim. “Oxiratda sizlar uchun yanada yaxshiroqdir...” Demak, doʻstim oxirat saroyini tiklab yurgan ekan. Yana aytilgan ekanki: “Agar sizda biron qarindosh boʻlib, oyogʻingiz bilan yurib bormasangiz (ya’ni ziyoratga bormasangiz deyilmoqchi), molingizdan biron narsa bermasangiz, bas, albatta undan uzilibsiz”. Alloh taolo tushirgan ba’zi sahifalarida: “Ey Odam farzandi! Moling bilan silai rahm qilgin, agar oʻzingda bor narsaga baxillik qilsang yoki moling kam boʻlsa, oyogʻing bilan borgin (ya’ni ziyorat qilaver)” deyilgan”. Rasululloh (s.a.v.) bu xususda “Qarindoshchilikni bogʻlanglar, agar salom bilan boʻlsa ham”, deb ta’kid etganlar. Shu oʻrinda ziyorat odobi masalasida ham fikrlashib olsak. Ayrim odamlar qarindoshlarini yoʻqlashni niyat qilishadi-yu, lekin kamxarjlik boisidanmi yo bozorga tushishga erinibmi, “quruq boramanmi” deb bu yaxshi amalni amalga oshirishni keyinga suraveradilar. Shaharlarda novvoylar koʻp, yoʻl-yoʻlakay toʻrtta non olib kirib yoʻqlash odat tusiga aylanib qolgan. Qishloqlarda ayollar ziyorat maqsadida maxsus non yopadilar yoki oʻzlarining bogʻlaridan u-bu oladilar. Agar bularning ham iloji boʻlmasa salom berib kirib borishning oʻzi ham uyat sanalmas ekan. Bugungi kunda yoʻqlashning yangicha turlari ham mavjud. Maktub yozib, yoki telefonda hol-ahvol soʻrab turish ham yaxshi. Xalqimizda yaxshi maqol bor: “Borsang - qarindosh, bormasang - begona”. Begonalikdan Alloh saqlasin!

Men umrning ziyoda boʻlishini shu doʻstim misolida koʻraman. Hozir shukrkim, akalari, ukalari, beshala singillari hayotlar. Shubham yoʻqki, ular akalarini har kuni mehr bilan eslaydilar. Uning haqqiga duolar qiladilar. Oilada silai rahmdan soʻz ochilsa “togʻang shunday mehribon odam edi, uning hayoti senlarga ibrat boʻlsin”, deb farzandlariga tarbiya beradilar. Bu farzandlar vaqti kelib oʻz farzandlariga “mening togʻam shunday musulmonsheva edilar” deb ibrat qilib eslashlariga ham ishonaman. Ka’b-ul Axbor degan ekanlarkim: “Muso alayhissalom hamda bani Isroil uchun dengizni yorgan Allohga qasamki, albatta Tavrotda yozilgan: “Allohdan qoʻrqing, ota-onaga yaxshilik qiling va qarindoshlarga silai rahm qiling, umringiz ziyoda boʻladi. Yengilingizni yanada yengil qiladi, qiyinchiligingizni ketkazadi”. Keling, ayni damda kitobdagi satrlardan koʻz uzaylikda, doʻstim Dilshod va unga oʻxshagan barcha moʻ'min-musulmonlar haqqiga duo qilaylik:
-Yo Rabbimiz Alloh! Bizlarni silai rahmni uzmaydigan bandalaringdan qil. Hayotlik choqlarida silai rahmni uzmagan birodarlarimizning oxiratlarini obod etgin. Qiyomatga qadar tugʻilib yashaydigan zurriyodlarini ham ular kabi mehribonlardan qilgin. Bizlarning qalblarimizdagi mehr-muruvvatni ham ziyoda et. Vaqtiki kelib, bu dunyoni tashlab, boqiy dunyoga ketganimizda ortimizda qolganlar bizlarni ham yaxshi fazilatlarimizni eslab, duolar qilsinlar!

Ba’zi birodarlarimiz qarindoshlaridan uzoqlashadilar-da, bu xatolarini yashirish uchun oʻsha qarindoshlarini ayblaydilar. Bir ibodatli birodarimizning gaplaridan ajablangan edik. Ammalari haqida soʻzlay turib aytdilarki: “Men ammamnikiga qadam bosmay qoʻydim, oʻzi ham, bolalari ham namoz oʻqimaydi”. Buni musulmonchilikka yoʻyishi ayniqsa ajablanarli edi. Agar u chin musulmon boʻlsa, yaxshi odoblarini namoyon etib oʻsha benamoz ammasini ziyorat qilavermaydimi, yaxshi fazilati bilan ibrat boʻlavermaydimi, tez-tez ziyoratga borib da’vat qilavermaydimi? Toʻgʻri, bir-ikki da’vat qilibdi, kitoblar olib borib beribdi. Lekin muslim uchun bu kifoya emas-da! Alloh uning qarindoshlariga hidoyat bermaguniga qadar da’vatning keti uzilmaydi. Ehtimol, Alloh bu birodarimizning sabrini, dindagi sabotini sinamoqchi boʻlib, qarindoshlariga hidoyat berish pallasini keyinga surgandir? Bu birodarimiz kabi yanglishgan kishilarga Maymun ibn Mahron aytgan ibratni eslatishni joiz deb bildik:

“Uch narsada kofir va musulmon barobardir: kim bilan ahdlashgan boʻlsang, ahdingga vafo qilgin - xoh kofir boʻlsin, xoh musulmon. Albatta, ahd Alloh uchundir. Orada qarindoshchilik boʻlsa, silai rahm qilgin - xoh kofir boʻlsin, xoh musulmon. Kimiki senga omonat bergan boʻlsa, omonatini ado qilgin - xoh kofir boʻlsin, xoh musulmon”.

Yana bir birodarimiz toʻy qilayotgan yaqin qarindoshiga yordam berishni istamabdi. Sabab: toʻy qilayotgan odam ziyofatni zamonaviy tarzda - dasturxonga aroq qoʻyish bilan oʻtkazmoqchi boʻlibdi. Birodarimiz buning nomaqbul ekanini aytsa-da, u koʻnmabdi. Bu masala yuzasidan fikr bildiruvchilar orasida “Yordam pulini beravermaydimi, yordam bergani uchun savob oladi, bu pulni nojoiz sarf qilgan odam esa gunohga botaveradi”, deyishlari ham mumkin. Gap shundaki, oʻsha qaysar odam boshqalardan qarz olib, niyatiga yetadi va oqibatda kamxarjligi tufayli oilasi bilan ozor chekadi. Badavlat qarindoshi pul bersa shu ozordan holi boʻlardi, shundaymi? Shundaylikka shunday, ammo shariat nuqtai nazaridan qarasak, birodarimiz pulining haromga sarf etilishini bila turib bersa durust boʻlmas edi.

Rabbimiz Alloh taborak va taolo rahmni yaratib, Oʻzining Rahmon sifati bilan marhamat etdiki: “Men Rahmonman, sen rahmsan. Kim seni uzsa, uzilaman; kimiki senga bogʻlansa, bogʻlanaman”. Arshdan oʻrin olgan Rahm esa kecha va kunduz der ekanki: “Yo Parvardigoro! Sening yoʻlingda kimiki menga bogʻlansa, bogʻlangin, kimiki Sening yoʻlingda meni uzsa, uzilgin”.

(Bizda koʻchalarga turli shiorlar osib qoʻyish bor. Agar bu odat uyga ham koʻchirilsa aynan shu soʻzlarni ibrat uchun yozib qoʻyishni taklif qilgan boʻlardim. Chunki silai rahm uchun Allohning xayrli mukofoti boʻlgani kabi, bu odobni tark etgani uchun azobli jazosi ham borligini bir nafas ham unutmasligimiz zarur. Bu xususda hadisi sharifda ta’kid etilganidek, azob-uqubat qiyomat kuniga asrab qoʻyilganidan tashqari shu dunyoning oʻzida ham insonning oʻziga jabr yetkazadigan gunoh - kishilarga zulm yetkazish va qavm-qarindoshlarga qilinadigan silai rahmni uzib qoʻyishdir. Bu jazoni atrofdagilar ham koʻrib turishadi. Masalan, mavzu avvalida bayon qilganimiz mash'um hodisaga qoʻshimcha sifatida aytishimiz mumkinki, qarindoshlaridan uzilgan odamning topgan-tutganlaridan baraka ketadi, farzandlari orasidan mehr qochadi, hali tiriklik chogʻidayoq farzandlarining meros talashib yuzkoʻrmas boʻlib ketayotganlariga guvoh boʻladi.)

Abdurrahmon ibn Avf (r.a.) Rasulullohdan (s.a.v.) rahm xususida eshitgan hadisni rivoyat qiladilar:

Rasululloh (s.a.v.) aytibdilar: “Alloh taolo “Men dunyodagi barcha borliqqa rahm qiluvchi Rahmonman va rahmni yaratib, Rahmon degan nomimning harflaridan tarkib topgan “rahm” soʻzini unga ism qilib qoʻydim. Endi kim rahmni (qarindoshlikni) uzmasdan yursa, Men undan rahmatimni uzmayman va kim uni uzib qoʻysa, Men ham undan rahmatimni uzib qoʻyaman”, degan”.

Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (s.a.v.) bu mavzuga yanada aniqlik kiritib, aytadilar:

“Alloh taolo xalqlarni yaratib boʻlganidan keyin Rahm turdi. (Bu oʻrinda “rahm” atamasiga olimlarimiz qarindoshlar va bir-biriga bogʻlanadigan nasab silsilasi nazarda tutiladi, deb izoh beradilar.) Alloh undan: “Nega turding?” deb soʻraganida u: “Ey Rabbim, men uzilib qolishdan panoh soʻrovchi sifatida huzuringda turibman”, deb javob berdi. Shunda Alloh taolo: “Ey Rahm, seni uzgan kishilardan marhamatimni uzsam, shunga rozi boʻlasanmi?” deb soʻraganida Rahm: “Ey Parvardigori olam, men bunga albatta roziman”, degan edi. Shunda Alloh taolo unga “Mening senga va’dam shudir”, dedi”.

Abdulloh ibn Amr (r.a.) esa aytadilar:

“Rasululloh (s.a.v.) bitta barmoqlarini egib: “Rahim soʻzi Alloh taoloning Rahmon nomidan shu barmogʻimdek unib chiqqan bir shoxchadir. Uni birov uzmasa, Alloh taolo uzmaydi va kim uzib qoʻysa, Alloh ham uni uzib tashlaydi. Qiyomat kuni Alloh Rahmga fasohatli, oʻtkir va ochiq soʻzlaydigan til beradi”, dedilar”.

Demak, qiyomatda kim qarindoshlikni uzgan va kim uzmaganini ochiq bayon qilish uchun Alloh rahmga til berar ekan va shu til bilan u kimlarningdir foydasiga va yana kimlarningdir zarariga oʻz da’vosini isbot etarkan. Bu oʻrinda Rasululloh (s.a.v.) barmoqlarini koʻrsatib juda goʻzal tashbeh qilyaptilar. Chindan ham kishining barmogʻini birov uzmaydi. U faqat oʻzining ehtiyotsizligi uchun biron nimada chopib olishi mumkin. (Oʻgʻirligi uchun chopilsa ham oʻzi aybdor.) Qarindoshlik zanjirini uzgani tufayli Allohning rahm-shafqatidan bebahra qolguday boʻlsa kishi oʻzining ehtiyotsizligi yoki ahmoqligiga da’vo qilaversin.

Qarindoshlar qanday sabablar bilan uzilishib ketadilar?

  • koʻp hollarda meros talashish oqibatida;

  • ota-onalaridan meros qolgan bemehrlik, loqaydlik, xudbinlik kabi illatlariga davo topolmaganlari tufayli;

  • kibr xastaligiga chalinganlari uchun. Bu holda boyroq qarindosh kambagʻalroq jigarini mensimaydi. Bundan uning koʻngli ranjiydi. Silai rahm qilaman, degan niyatda bu kibrli qarindoshinikiga borganida u nimani koʻradi? Faqat takabburlikni koʻrsa ehtimol chidar. Ammo badavlat qarindoshining koʻzlarida “Bu bir nimaga muhtoj boʻlib, tilanib keldimikin?” degan havotirli savolni koʻrgach, chidashi qiyindir. Ammo bu ham Allohning bir sinovi, chidab sabr qilgani ma’qul.

  • hasad kasaliga bandi kambagʻalroq qarindosh badavlatroq jigarini koʻra olmaydi. Hatto “Xudo nima uchun unga beradi-yu, menga bermaydi?” deb Alloh bilan ham haq talashib qoʻyadi. Yoki tinmay ta’magirlik qilaveradi. Yoki qarindoshi haqida gʻiybat va igʻvolarni tarqataveradi. Badavlat qarindosh undan bezadi. Ammo bu ham uning uchun bir sinov, chidab, sabr qilgani ma’qul. Hasadchi qarindosh bizga yomonlikni ravo koʻrsa, biz unga Allohdan insof tilab duo qilaylik. Allohning uni insof va hidoyat sari burgani bu sabrimiz uchun bizga bergan mukofoti boʻladi.

  • qarindoshlar orasiga sovuqchilik tushishiga ma’lum bir odamlarning bilib-bilmay aytib yuborgan gaplari ham sabab boʻlishi mumkin. Na ilojki, oramizda gap tashuvchilar kam emas. Gapni shunchaki tashib qoʻya qolsa mayli-ya, qoʻshib, koʻpirtirib yuradiganlari koʻp. Shunday noma’qul gapni eshitganda ayrimlar “bu bir gʻiybat-da”, deb ortga tashlab yuborsalar - olam guliston! Lekin gʻiybatligini bila turib ham gʻazablana boshlaymiz. Holbuki, biron kishi qarindoshingizni yomonlasa, siz unga qoʻshilishib yomonlamang. Aksincha, uning yaxshi tomonlarini eslay boshlang. Shunda vujudingizda uygʻonayotgan nafrat chekinadi. Nafratdan

qutula olmasangiz, oʻzingizni qiynab yuravermangda, oʻsha qarindoshingiz huzuriga boring.

“Menga qarshi shunday debsiz” yoki “Menga qarshi shunday ish qilibsiz, sababini tushuntiring, aybim boʻlsa men uzr soʻray, siz esa kechiring”, deng. Balki sizga yomonlik istagan qarindoshning qalbi muhrlangandir, oʻzi iymondan uzoqdir, u holda koʻp aytishmang, janjalga yaqinlashmang. Agar iymon egasi boʻlsa, yoʻl qoʻyilgan xatoni bartaraf etish choralari boʻyicha birgalikda fikrlashing. Ikki jigar orasida nifoq qoʻzgʻovchilar orasida xotinlarni koʻp uchratamiz. Ovsinlarning bir-biriga nafrati kundoshnikidan yomonroq boʻladi. Qarindoshlik zanjirini uzishga intiluvchi xotinlarni kaltafahmlikda ayblaymiz. Lekin ularning gaplariga laqqa tushib jigarlaridan yuz oʻgiruvchi erni-chi? Xotin “akangiz (yoki opangiz) unday” deb gʻiybatni boshlaganida er “Toʻxta, sen aytayotgan odam bilan biz bir qorindan tushganmiz. Shu odam menga yigirma (yoki oʻttiz) yildan beri aka. U mening beshigimni tebratgan. Uning kimligini, yaxshi-yomonligini sendan koʻra men yaxshiroq bilaman”, deb toʻxtatsa, har qanday xotin ikkinchi marta oʻylabroq gapiradigan boʻladi. Yana shunday ayollar bor-ki, til bilan gʻiybat qilganlari yetmaganday turli ilmu amal, jodular bilan qarindoshlardan qutulish choralarini izlaydilar. Shukrki, bunday buzgʻunchilardan koʻra oqila ayollarimiz koʻproq. Bir birodarimiz ayollardan gap ketganida shunday degan edi:
-Xudo menga oqila ayol ne’matini berdi. Men akamdan ranjib bordi-keldini ham yigʻishtirmoqchi boʻlgan edim. Ahli ayolimga, farzandlarimga ham akamnikiga borishni ta’qiqlab qoʻygan edim. Bir kuni ahli ayolim akamni tugʻilgan kunlari ziyorat qilib kelibdi. Borib kelganini yashirmay oʻzi aytdi. Gʻazablangan edim, bosiqlik bilan tushuntirdi: “Agar akangiz bilan yuzkoʻrmas boʻlib ketsangiz bilgan-bilmagan qarindoshlar, tanishlar birinchi navbatda meni ayblashadi. Chunki men kelinman. Jigarlar ozgina hafalashib yurishib keyin baribir yaqinlashib ketasizlar. Jigarni jigardan uzib boʻlmaydi. Akangiz yomon boʻlsalar siz yaxshi boʻlavering”. Shu gapiga farishtalar omin deyishgan ekanmi, oradagi nifoq koʻtarildi.

  • kelajakda uzilib ketmaslik uchun quda boʻladilar. Biroq, yoshlarning oilasi buzilishi natijasida yuzkoʻrmas boʻlib ketadilar. Aynan mana shu holat kishini oʻyga toldiradi. Yaqin qarindoshlik zanjirini mustahkamlamoqchi boʻlgan aka-uka yoki opa-ukaning ayblari toʻydan keyin kashf etila boshlaydi. “Qizi unday ekan, yaxshi tarbiya bermabdi”, deb bir tomon ikkinchi tomonga magʻzava agʻdarsa, ikkinchi tomon ham tek turmaydi. Oqibat esa ravshan. Oilasi buzilgan yigit va qiz boshqa turmush qurib ketadi, biroq, uzilgan qarindoshlik tiklanmaydi. Ba’zan esa aksincha holat ham yuz beradi. Masalan, uka opasining yoki akasining oʻgʻlini kuyov qilish niyatida. Ochiq aytolmaydi-ku, biroq tashriflarini behad quyuq qiladi. Bu uydagi har bir marosimda xotini bilan kelib xizmat qiladi. Keyin bir kuni orqavarotdan eshitib qoladi-ki, u niyat qilgan yigitga qiz qidirishayotgan emish. Shunda yaqinlari orqali niyatini ma’lum qilganda “Qarindoshdan kelin qilmayman”, degan javobni eshitib, tashriflarini butkul uzmasa-da, avvalgi mehribonchiliklarini toʻxtatadi.

Yana shunga oʻxshagan turli katta-kichik sabablar koʻpki, bularning birontasi qiyomatdagi hisob chogʻida bizga bahona boʻla olmaydi.

Silai rahmni mukammal ravishda bajarishda qarindoshlik haqlarini ado etishlik ham bor. Alloh taolo bandalariga “Qarindoshlaringga, miskin va musofirlarga oʻz haqqini ber!” deb buyuradi. Isro surasidagi oyati Karimaning bu ma’nosini Abdulloh ibn Abbos shunday tafsir qiladilar: “Bunda Alloh haqlarning eng zarurini berishga buyurdi. Mablagʻi boʻlsa, amallarning eng afzali boʻlgan qarindoshlarga, miskin va yoʻlda qolgan musofirlarga berishga da’vat qiladi. Agar mablagʻi boʻlmasa, nochor kishilarga qanday muomala qilish lozimligini oʻrgatadi: “Parvardigoringdan kutadigan rahmat (rizq) qoʻlingda muyassar boʻlmay, ularga qaray olmasang, ularga muloyim gapir”. Ya’ni oʻsha nochor odamni noumid qilmay “hozircha yoʻq, ammo yana mol kelib qolar, shuni kutib turibman”, kabi umidbaxsh soʻzlar bilan yaxshi va’da qilishga chorlayapti. “Qoʻllaringni boʻyningga sirtmoqlab qoʻyma, ya’ni baxillik qilma. “Qoʻllaringni juda ham yoyib yuborma”, ya’ni bor-yoʻgʻingni berib yubormaki, u vaqtda malomatga qolasan. Chunonchi, keyin kelganlarga hech nima bera olmaganing uchun seni malomat qiladilar. Hamma molingni olib ketganlar seni mashaqqatga solib qoʻygan boʻlishadi va sen toliqib qiynalib oʻtiraverasan”.

Demak, Qur'oni Karim ota-onaning farzanddagi haqqini bayon qilibgina qolmay, zikr etilgan oyatlarda qarindoshlarning ham bir-birlarida haqqi borligini bildirmoqda. Imkoni bor, oʻziga toʻq kishida nochor, yordamga muhtoj qarindoshlarning haqqi bor. Bu haq ularga Alloh tomonidan berilgan. Boy-badavlat kishi oʻz qarindoshlariga yordam berganida minnat yoki fazlini koʻrsatish uchun emas, balki Alloh amrini ado etish, Alloh belgilagan haqni berish uchun qilgan boʻladi. Shuningdek, nochor qarindosh oʻzining badavlat qarindoshidan biror narsa olganida uning huzurida xoru zor boʻlib emas, Alloh unga belgilagan haqni olayotganini tushunib, oʻzini erkin tutib oladi.

Rum surasida ham bu masala yana ta’kid etilib, “Allohning yuzini koʻrishni istaydiganlar uchun buning eng xayrli ish” ekani bildiriladi. Rizq berish Allohning lutfi boʻlgach, rizqning

kamayib qolishidan qoʻrqmay, qarindoshlarga haqlarini berish kerak ekan. Ya’ni, siz bilan bizning rizqimizda ularning ham haqlari bor ekan. Bu haqni tan olmasak, xasislik bilan oʻzimizga oʻzlashtirish choralarini istasak, bizga buyurarmikin?

Ba’zan aka-uka (yoki opa-singil) tutinganlarni uchratamiz (yaxshi amallardan hisoblanmish bu odob xususida doʻstlikka oid bobda yana fikrlashamiz). Yusuf Hos Hojib hazratlari yozadilarki:

Qodoshliq kishi kusi chovi beduk,
Odoshliq kishi oti sovi beduk.
Qodoshing yoʻq ersa yuri tut odash,
Odash ezgu boʻlsa, bu - buldi qodosh.
Deyilmoqchikim: qarindoshlari bor odamning sha’ni shuhrati ulugʻdir. Doʻsti bor odamning esa soʻzi ulugʻdir. Kel, qarindoshing boʻlmasa, doʻst tut. Yaxshi doʻst qarindosh oʻrnida boʻlur.

Chindan ham shunday. Ammo qarindoshidan uzilgan holda aka-uka tutinishni anglab yetish qiyin. “Qutadgʻu bilig”da yana shunday satrlar bor:

Yogʻiz yer yashil suv yoroshti bila,
Oro yuz chechaklar yozildi kula.
Yarashiq yurisa qodosh yo odash,
Ulardin boʻlur qo qodoshqa bila.

Deyilmoqchikim: boʻz tuproq bilan koʻlmak suv ittifoq boʻlgani uchun yuz xil gul-chechaklar kulishib ochildi. Qarindosh yor-birodarlar ittifoq boʻlishsa, undan tarqalgan goʻzal jamoatlar vujudga keladi.

Barcha yaxshi xulqlar boʻyicha eng goʻzal ibrat Rasulullohning sunnatlaridir. Abu Hurayra aytadilarkim: “Qur'oni Karimda “Ey Muhammad, sen oʻzingga yaqin boʻlgan urugʻ-aymoqlaringni mening azobimdan qoʻrqit, ularni ogohlantir” (Shuaro surasidan), degan oyat nozil boʻlgan vaqtida Rasululloh turib: “Ey Ka’b ibn Luay bolalari, ey Abdu Manof bolalari, ey Hoshim bolalari, ey Abdulmuttalib bolalari! Sizlar oʻzingizni doʻzax oʻtidan qutqaring! Ey Muhammadning qizi Fotima! Sen ham oʻzingni jahannam oʻtidan qutqaz! Menga e’timod qilma, chunki qiyomat kuni tashvishidan men seni qutqazishga qodir emasman. Ammo sizlar bilan albatta qarindoshligim bor. Uni men sizlardan uzmayman”, deb oshkora nido qildilar”.

Rasulullohning (s.a.v.) shu xutbalarini unutmasak, yuqorida zikr etilgan oyatlar va hadislar ma’nosini chaqib, ularga amal qilsak, insha Alloh, qiyomatda sharmanda boʻlmagaymiz. Mazkur mavzu soʻnggida yana duoga qoʻl ochaylik:
-Oliy, A’lo, Vahhob sifatli Rabbimiz pokdir! Bizlarga hidoyat berguvchi yo Rabbimiz Alloh, bizlarni qarindoshlardan begonalashtirmayotganing uchun Oʻzingga shukrlar qilamiz. Vafot etgan qarindoshlarimizga lozim darajada silai rahm qila olmagan boʻlsak, bu gunohlarimizni kechir, oxiratda ular bilan rizolikda koʻrishmoqlikni nasib et. Oʻzimizdagi silai rahm odobini mukammal qilganing holda zurriyodlarimizni ham bu ne’mat bilan ne’matlantir.

Ularni qarindoshlarning mehr-muhabbatlaridan bahra olib yashashlarini nasib et. Agar shu kunlarda silai rahmni bilib-bilmay uzib qoʻygan boʻlsak, yoki shayton uzishlikka vasvasa qilayotgan boʻlsa, bizlarni u la’nati iblis yoʻlidan qaytar. Berahmligi uchun qarindoshlari duoibad qilmaslaridan avval ularga uzr aytib boradigan solihlardan qilgin bizlarni. Omiyn yo Rab al-olamiyn!

Azizlar, bu suhbatimiz sizlarga ma’qul keldimi yo yoʻqmi, bilmayman. Har holda ma’qul kelishiga umidim bor. Agar shunday boʻlsa, har birimiz oʻtgan kunlarimizni eslab koʻraylik. Ehtimol, qaysidir qarindoshimizdan ozmi-koʻpmi uzoqlashgandirmiz. Shunday boʻlsa, hadisi sharifda zikr etilgan, xolasi bilan yarashib kelgan odam singari bugunmi yo ertagami, har holda koʻp kechiktirmay, uning huzuriga boraylik.

Jamiyatning durru gavhari

Oilani biz qanday tushunamiz, qanday himoya qilamiz? Rashk - doʻstimizmi yo dushmanimizmi? Shular haqida fikr yuritishga hozirlanaylik. Alloh bizlarni adashtirmasin.

Oilani moʻ'jazgina bir jamiyatcha deb faraz qilsak, butun insoniyat jamiyatining daxlsizligi aynan shu “jamiyatcha”ning jipsligiga bogʻliq. Demak, qaysiki jamiyatdagi oilalar mustahkam emas ekan, bu jamiyat harbiy qudrati va boyligidan qat'i nazar, halokatga mahkumdir. Oilaviy muhabbat odamlar orasida keng tarqalgan eng mustahkam muhabbatdir. Shuning uchun ham u kishilar hayotiga ta’sir koʻrsatish jihatidan odamning eng muhim va eng hayotbahsh tuygʻusidir. Oʻz uyida baxtli boʻlgan kishigina chinakam baxtlidir. Xarob uydagi baxtsiz odamlardan tashkil topgan jamiyatning halokatga mahkumligi shundan kelib chiqadi. Har bir insonning oila oldida, oilaning jamiyat oldida mas'uliyati bor. Bu ikki ijtimoiy tushunchani bir-biridan ayirish qiyin. Avvalgi boblarda zikr etganimiz - ishq, ota-onaga muhabbat, silai rahm va keyingi bobda fikr yuritadiganimiz doʻstga muhabbat ham jamiyat ma’naviy olamiga oʻz ta’sirini oʻtkazadi. Ammo oila bu oʻrinda alohida ahamiyat kasb etadi. Soddaroq qilib aytilsa, oilasida halovati yoʻq odamning xizmat joyida ham halovati boʻlmaydi. Demak, ishidan baraka ketadi, xizmatdoshlari bilan qoʻpol muomalada boʻla boshlaydi. Yoki aksincha, ishda omadi yurishmagan, xoʻjayinlardan soʻkish eshitgan odam uyga qaytganda alamini oila a’zolaridan oladi. Agar hayotimizning barcha maqsad-mazmuni oiladagi shaxsiy baxtimizdan iborat boʻlganida, shaxsiy baxtimiz birgina oiladagi muhabbatda oʻz ifodasini topganda edi, unda hayot deganlari chindan ham qop-qorongʻu sahroga aylanib qolgan boʻlardi. Inson uchun yurakning ma’naviy olamidan tashqari hayotning yana bir buyuk olami - ijtimoiy faollik olami ham bor. Buni inkor etish yoki chetlab oʻtishga urinish mutlaqo mumkin emas. Shuning uchun ham ahli kitoblar Allohning bu masaladagi buyruqlariga gʻoyat jiddiy munosabatda boʻlganlar. Paygʻambarlar ummatlarini pok va halol oila qurishga da’vat etganlar. Insoniyat tarixi davomida yashab oʻtgan donishmand faylasuflarning diqqat-e’tiborlaridan ham bu masala chetda qolgan emas. Oʻtmish ustozlarning fikrlari bizlar uchun hamisha qadrli. Ammo ular oʻz davrlaridagi jamiyat talablaridan kelib chiqib, oilaga turlicha talablar qoʻyganlar. Masalan “Oilaviy hayot inqilobchining gʻayrat-shijoatini susaytiradi”, degan ahmoqona fikr yigirmanchi asrda yuzaga chiqdi va oʻzbek tilidagi axloqqa oid kitoblarda qayta-qayta zikr etildi. Oʻtgan asrning yigirmanchi-oʻttizinchi yillaridagi badiiy asarlarda sevishganlar toʻy haqida soʻz ochishsa “Shoshilma, avval jahon inqilobi gʻalaba qilsin!” deb inqilobga sodiqliklarini namoyish qilishgan. Bunaqa tentaklarning qanchasi jahon inqilobining gʻalabasini kutib, toʻy koʻrmay oʻtib ketdi ekan. Esizgina umr! Shunga oʻxshagan holat bizda ham uchrardi. Faqat bizdagi oshiq-ma’shuqlar toʻyni jahon inqilobi gʻalabasigacha choʻzishmasdi. Ashulalar boʻlardi: “Boʻylaringga boʻylari, qachon boʻlar toʻylari?” deb soʻralsa “Avval kolxoz paxta planini toʻldirib olsin”, deb javob berishardi. Kolxoz paxta planini bajarsa-ku, xoʻp-xoʻp, boʻlmasa yigit bechora to kelasi kuzgacha yulduz sanab, yostiqni quchoqlab yotaveradimi? Agar sevgan qizi suluv boʻlsa-yu, biron chapdast yigit chiqib paxta plani bajarilishi kutib oʻtirmay, uni ilib ketsa! Urdi Xudo! Bu hozir bizga kulgili tuyuladi, lekin oila bilan jamiyat manfaatini bu xilda talqin etish befahmlikning bir koʻrinishi edi. Jamiyat manfaati birinchi oʻrinda turadimi yoki oila manfaatimi, degan savolga bir xilda, qat'iy javob berish ham mumkinmas. Chunki ayrim oʻrinlarda oila, ba’zan esa jamiyat manfaatlari birinchi darajali masala boʻlib qoladi. Ayrim hollarda jamiyatning oiladan soʻrovlari bor, yana bir hollarda oilaning jamiyatdan talablari boʻladi. Bu masalani ham bitta qolipga solib taqdim etish mumkinmas.

Oila oʻz xohishicha yashashi kerakmi yoki jamiyat talablarini bajarishga majburmi? Agar jamiyat talablariga boʻysunib yashashi shart boʻlsa, oilaning hech qanday haq-huquqi yoʻq ekanda?

Bu oʻrinda ham savol umumiy tarzda emas, aniq masalalar boʻyicha oʻrtaga qoʻyilishi kerak. Ya’ni: jamiyat oilaning pok boʻlishini talab etadimi, demak, bu talabga boʻysunishi shart. Jamiyat oiladan oqil farzand tarbiyasini talab etadimi, demak, bu talabni ham soʻzsiz bajarmogʻi zarur. Lekin bu talablarni barcha oilalar bir xilda bajarmaydilar. Chunki barcha oilalarning bu sohalardagi tushunchalari, hayotiy tajribalari turlicha. Har bir xalqning, hatto har bir mamlakatdagi har bir viloyat, shaharning oʻziga xos urf-odatlari oila va jamiyat orasidagi munosabatlarni oʻziga xos ravishda belgilaydi.

Ruslarning ulugʻ yozuvchisi Lev Tolstoyning “Anna Karenina” deb nomlangan asariga koʻzingiz tushgan boʻlsa, u shunday satrlar bilan boshlanadi: “Baxtli oilalarning hammasi bir-biriga oʻxshaydi, baxtsiz oilalarning esa har biri oʻzicha baxtsizdir”. Bu yaxshi falsafiy fikrga oʻxshagani bilan bahslashish mumkin. Chunki baxtni ham har bir oila oʻzicha tushunadi. Masalan, harom yoʻllardan qaytmay boy yashayotgan oila haromdan parhez qilib, oziga qanoat qilayotgan

qoʻshnisini baxtsiz deb hisoblaydi. Bu qoʻshni esa uning oxiratini oʻylab, baxtsizligidan afsuslanadi. Demoqchimizki, oilalarning baxti va baxtsizligi ham faqat oʻzlariga xos, bir-biriga oʻxshamaydi. Hatto bir oila a’zolarining baxt haqidagi tushunchasida ham farq boʻladi. Er baxtni ilm olishda, deb bilsa, xotin bilakni bezovchi tilla bilakuzukda deb hisoblaydi. Qani, barcha tushunchalarni bitta qolipga solib koʻring-chi!

Turli xalqlardagi oila va baxt tushunchasi haqida soʻz ochdik, asosiy gaplarimizga oʻtishdan oldin kichik bir misolga murojaat qilaylik.

Tilga olganimiz asardagi Anna Kareninaning oilasi va uning oʻlimi bilan Kumushbibining oilasi va oʻlimi orasida qanday farq bor?

Ikki yozuvchining tasviriga qaraganda bu ayollarning ikovi ham gʻoyat goʻzal, ikkovida ham muhabbat bor, ikkovlari ham sevgi qurboni. Har ikki asar ham bu ikki lobarlarning oʻlimlari bilan nihoyasiga yetadi. Lekin ularning muhabbatlari va oilaga sadoqatlari bir xilmi? Anna -oilali juvon, begona erkakni sevdi. Oqibatda oʻzini halok qildi. Uning bir gunohi ikki boʻldi. Kumushbibi - ma’suma ayol. U jufti haloliga sodiq. Uni hatto kundoshidan ham qizgʻanadi. Balki ana shu qizgʻanishi, rashkining chegarasidan chiqqani uchun oʻlim topgandir? Bu ikki ayol oʻlimi sababchilari - Annaning sevgilisi (Eri emas!) bilan Kumushning kundoshi - Zaynab taqdirida qanday yaqinlik bor? Hech qanday! Kumush-zaynablar taqdirini yevropaliklar hayotidan izlab topolmaymiz. Keling, ikki oʻlimga doir ikki bayonga diqqat qilaylik:

“...yaqindagina hayot joʻsh urib turgan, endi esa kazarma stolida, yotu begonalar koʻzida Annaning jasadi ibosiz bir ravishda qonlarga belanib yotardi; sogʻ qolgan chakkalari, gajakli boshi, ogʻir kokillari orqaga tashlangan; goʻzal chehrasida, yarim yumuq qizgʻish lablarida achinarli, tinib qolgan ochiq koʻzlarida vahimali bir ifoda bor edi; bu ifoda urishib qolishganda Vronskiyga “Shoshmang, hali pushaymon boʻlasiz”, degan oʻsha dahshatli soʻzni aytib turganga oʻxshardi... ”

Bu bayondagi “Annaning jasadi ibosiz bir ravishda qonlarga belanib yotardi”, degan tasvirga alohida e’tibor qaratmoq lozim. Muhabbat degan bahona bilan oilaga xiyonat qilgan, ibosiz hayot kechirgan ayolning jasadi ham begonalar koʻzi oldida ibosiz holatda yotardi. Bu ham ibosiz hayot uchun berilgan bir “mukofot” emasmi! Endi bu tasvirga diqqatingizni tortamiz:

“...Hoji Kumushning boshiga kelib oʻlturdi. Otabek va onasi oyoq ustida edilar. Kumushning koʻzi yumuq, sochlari yuzi ustida parishon edi. Hoji oʻz qoʻli bilan sochlarini tuzatib Kumushning koʻkimtil tovlangan yuzini koʻrdi va va manglayini bosdi...
-Oyim... Oyim! - dedi Hoji. Kumush koʻzini ochib, besaranjom unga nazar tashladi va tanib... qoʻzgʻalmoqchi boʻldi.
-Qoʻzgʻalmang, oyim... qoʻzgʻalmang!

Kumushning koʻz yoshisi chakkasidan oqib tushdi... Hoji ham oʻzini toʻxtatolmay, Kumushning yoshini artib, boshini siladi:
-Xudo shifo berar, bolam!

Kumush jomga qoʻzgʻaldi, Otabek kelib qoʻltiqladi, Hoji ham uning boshini tutdi... Bu gal qusuq qonga aylangan edi, burnidan ham bir necha tomchi qon oqdi... Qusub yotgach, koʻzi yarqillab ochilib ketdi va tevaragiga betoqat qarandi:
-Oyi... dada...-soʻngra, - begim, - deb ingrandi... Erining yuzini yuziga qoʻydi, uyalgansumon koʻzini yumdi....”

Ustoz Abdulla Qodiriy qalamlaridan koʻchgan bu tasvirning har bir nuqtasiga diqqat bilan razm solaylik. Biz istaymizmi, istamaymizmi, oila masalasini anglashda gʻarb va sharq tushunchalari orasida keskin farqlar borligini tan olishga majburmiz. Buni yuqoridagi ikki bayon ham tasdiqlab turibdi.

Kumush “erining yuzini yuziga qoʻydi, uyalgansumon koʻzini yumdi...” Bu holat oddiy muhabbat tasviri emas, balki oʻlimi oldidan ham erining martabasiga rioya qilinishining ifodasidir. “Islomda insonga sajda qilish yoʻq. Agar boʻlganida, ayollarning erlariga sajda qilishlarini buyurgan boʻlardim”, mazmunli hadisning ma’nosida ayol kishi eriga butunlay itoat etishi lozimligi anglashiladi.

Eri qay paytda ayolini yoniga chaqirsa, ayol albatta itoat qilishi va har qanday ishni toʻxtatib, erining yoniga borishi shart. Sharqdagi oilalar asrlar boʻyi shu odat boʻyicha yashaganlar. Bu odat buzilgan onlarda shu oilada ixtilof chiqqan. Hozirgi kunimizda ayollarimiz yoshlik qilibmi, yoki gʻarbning ta’siridami, bu odatni rad etishga intilishadi. Er chaqirganda “hozir” deb qoʻyadilar-da, ishlarini qilaveradilar. Biron ish bilan mashgʻul boʻlishsa, uzrlidir, lekin telefondagi uzundan uzoq gaplarini bas qilmasliklari, televizordagi Meksikaning behayo filʼmlaridan koʻz uzgilari kelmay qimirlamasdan oʻtirishlari ayb sanaladi. Bu gaplarni osmondan olib yozayotganim yoʻq, yosh oilalarning qoʻydi-chiqdilarida ishtirok etganimda deyarli har birida xotinga nisbatan shu ayb aytiladi. Bu oʻrinda “demak, er xoʻjayin, xotin - choʻri martabasidami?” degan fikrdan uzoq boʻlish kerak. Erga xizmat qilish choʻrilik emasligini toʻydan oldin qizlarimizga yaxshilab tushuntirib qoʻyishimiz kerak. Afsuski, biz qizlarimizga sep toʻplashga berilib ketib, odob boyligini berishni unutib qoʻyamiz. Oiladagi er oʻrnini toʻrt-besh erkak bamaslahat belgilab bermagan. Bu martaba Allohning irodasi: “Erkaklar xotinlari ustidan (oila boshligʻi sifatida) rahbardirlar. Bunga sabab Alloh ularning birovlarini birovlaridan (ya’ni erkaklarni ayollardan) ortiq qilgani va erkaklar (xotinlari va oilalari uchun) oʻz mol-mulklaridan sarf-xarajat qilganlaridir. Bas, ibodat-itoatli va (erlari) yoʻqligida Allohning hifzi himoyati bilan (erlarining mol-mulklarini va oʻz iffatlarini) saqlovchi xotinlar - yaxshi xotinlardir” (Niso surasidan). Qaerdaki, Allohning bu irodasiga qarshi chiqilsa, yoki oʻzgartirishga urinish boʻlsa, bilingkim, bu oilani avvalo totuvlik tark etadi oqibat esa ajralishgacha borib yetadi. Yangi turmush qurayotgan farzandlarimizning barchasi bu oyatni bilishlari kerak. Chunki mazkur oyati Karimada oiladagi er bilan xotinning oʻrni aniq belgilab berilgan. Shariat hukmicha, er avvalo oilaning barcha moliyaviy va ma’naviy taraflariga javobgar, uni chetdan boʻladigan har qanday xurujlardan himoya qiladigan shaxsdir. Mana shular evaziga va erkak kishi uchun fazilat sanalmish ogʻir-bosiqlik, oila tebratishdagi tadbirkorlik kabi sifatlar sababli u oilaning boshligʻi sanaladi. Yaxshi xotin esa diyonatli, erning uyini obod qiladigan va unga bir umr sadoqatli boʻlgan ayoldir.

Ezgu zotli Hafsa bint Umar yaxshi xulqli Fotimaga dedilarki:
-Sen nechun eringga bu qadar boʻysunursan?

Hazrati Fotima aytdilarki:
-Mening erimga boʻyinsinib xizmat etmagimdan murodu maqsadim Alloh taoloning rizosidir. Shu asnoda erimning da’vo qilmish narsasi ham tugaydi. Ya’ni erimga koʻp xizmat qilmogʻim Alloh uchundir. Shu yoʻsin men erimning dunyo va oxirat da’vosini ado etaman. Buning uchun erim mendan xushnud boʻladi.

Yana dedilarki:
-Bir xizmat bilan ikki toat yengil boʻldi. Biri - Alloh rizoligi. Ikkinchisi - erimning shod boʻlgani. Kishi bir xizmat bilan bunday ulugʻ savoblarga muyassar boʻlgach, nima uchun Alloh buyurganga boʻyinsunmas ekan? Holbuki, Alloh taolo xotinlarga erlariga boʻyinsunmoqni buyuradi.

Demak, oilada erning ayoliga nisbatan oʻta jiddiy oʻz mas'uliyati bor ekan. Ayolning yeb-ichishi, kiyinishi va uy-joy bilan ta’minlanishiga mas'ul ekanliklarini unutgan ayrim birodarlarimiz borki, ularni gʻaflat uyqusidan uygʻonishlari vaqti kelmadimikin? Takror va takror eslatamiz: oilani moddiy jihatdan ta’minlash ham erning vazifasi. Hatto biron sabab bilan ayol bolani emizishni xohlamasa, emizadigan enaga topib, bolani ulgʻaytirish ham erning burchi. Islom dinimiz oilada mana shunday bir muvozanatni qaror toptiradi. Er-xotinning bir-birlariga munosabatlari aniq belgilab berilgan. “Onalar bolalarini toʻla ikki yil emizadilar. (Bu hukm) emizishni kamoliga yetkazishni istovchilar uchundir. Ularni (onalarni) me’yorida oziqlantirish va kiyintirish otaning (erning) zimmasidadir. Hech kimga toqatidan ortiq (mas'uliyat) yuklanmaydi” (Baqara surasidan). Islom dinimiz er kuch va quvvatli deb, ayolni er tarafidan ezdirmaydi; ayolni axloqsiz va beor boʻlishiga ham yoʻl qoʻymaydi. Ba’zi bir erlar deyishsaki: “Men xotinimning haqqini bilmayman. Men xoʻjayinman. Ikki gapning birida soʻkmasam xumordan chiqmayman. Urmasam qoʻlim qichib turadi”. Shundaymi? Yaxshi, istagingizni qilavering birodar. Ammo bu uchun oxiratda albatta jazoga tortilishingizni unutmang. Alloh bizlarni ogohlantiradi: “U kunda kishi oʻz ogʻa-inisidan ham, onasi va otasidan ham, xotiniyu bola-chaqasidan ham qochur”. Ajab! Nega oxirat kuni er oʻz xotinidan qochar ekan, oʻylab koʻrmaganmisiz? Chunki foniy dunyoda uni nohaq urdi, unga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatmadi, moddiy ta’min etmadi... Endi vaqt keldiki, xotin haqqini talab etadi. Agar shunday boʻlishiga ishonmasangiz qanday yashagingiz kelsa yashayvering. Alloh hozircha ixtiyoringizga qoʻyibdi. Oxirat shundayki, bu dunyoda qul martabasida yashaganlar xoʻjayinidan koʻra yuqoriroq darajaga yetishadi. Bu dunyoda kerilib yurgan janoblar mensimagani, sariq chaqaga olmagani, haqoratlagani, xoʻrlagani, qul oʻrnida koʻrgani odamning ham shafoatiga muhtoj boʻlib qoladi. Xotini haqiga rioya qilmagan erning oqibati ham shundan oʻzgacha boʻlmaydi. “Xotinlarning haqlariga rioya etingiz. Ular bilan mehr-shafqat ila muomalada boʻlingiz. Ularning haqlari xususida Allohdan qoʻrqingiz. Xotinlar sizlarga Parvardigorning omonatidir”. Paygʻambarimizning, alayhissalom Vado xutbalaridagi bu vasiyatni har bir er doimo dilida saqlashi va amal qilishi shart. Bu Parvardigorning omonatlariga xiyonat qilishdan oʻzni saqlamak kerakdir, degani boʻladi.

Eshitgan edim, rostmi yolgʻonmi, bilmayman: loʻlilarning qaysi bir urugʻida toʻy chogʻi kuyov bola gulxan atrofida oʻtirar ekan. Kelin esa boʻyniga xurjun osib olib uning atrofida aylanib “Oʻlgunimcha seni boqaman”, deb qasam icharkan. Shu zaylda uch marta aylanib, qasam ichgach, kuyov unga uylanishga rozilik berarkan. Bozorlarda katta-katta va ogʻir-ogʻir xaltalarni koʻtarib yurgan ayollarimizni koʻrganimda shu odat esimga tushadi. Bizda nikoh chogʻi er zimmasiga oila tashvishi yuklanadi. Agar uzoq safarga otlansa ham, ta’minotni mukammal qilib ketishi kerak. Ayollarning roʻzgʻor xarajatlarini koʻtarib chiqishlari er uchun bir uyat boʻlsa, tijorat maqsadida begona yurtlarga begona erlar bilan yuborishi undan battar uyatdir. Tijorat maqsadida uzoqqa borgan ayollarimiz haqida turli mish-mishlar yuradi, biz ularni ma’qullamoqchi emasmiz. Agar shunday desak, pokiza opa-singillarimizga tuhmat qilib qoʻygan boʻlamiz. Lekin rizq qidirib uzoqqa bormaslik va tanmahramsiz yurmaslik haqidagi buyruqlarga amal qilsalar oʻzlariga nisbatan ortiqcha gap orttirib olmaydilar. Undan tashqari bizni ranjitadigan narsa - ayollar musofirlikda qiynalib, ogʻir yuklar koʻtarib yuradilar, yoʻl azobini koʻradilar, oʻz mas'uliyatiga rioya qilmayotgan erlar esa choyxonada oshxoʻrlik qilib yotadilar.

Oʻtgan asrda Yevropada er-xotin oʻrtasida tenghuquqlilik degan masala koʻtarildi. Sovet jamiyati bunga alohida e’tibor berdi. Ammo ayollarni erlar bilan tenghuquqli qilaman, deb ularni aksincha choʻridan battar holatga aylantirdi. Tenghuquqlilik degani er nima ish qilsa ayol ham bajarsin, degani emas. Er qurilishda gʻisht terdi - ayol ham, beton quydi - ayol ham, traktor mindi - ayol ham. Bu oʻtaketgan insofsizlik-ku! Yevropada koʻtarilgan masala boshqacha edi. Oʻtgan asrlarda zavodda aynan bitta ishni bajargan erga koʻproq, ayolga esa kamroq haq toʻlangan. Ayollarning xalqaro harakati haq toʻlashdagi tenghuquqlilikni talab qilgan. Afsuski, tenghuquqlilikni notoʻgʻri tushunish hozir ham davom etib kelyapti. Oʻrni kelganda aytib ketaylik: shtanga, kurash, boks, futbol... kabi sport turlarida qiz-juvonlarning qatnashishlari bizningcha durust emas.

Agar diqqat qilib kuzatsak, bugungi jamiyatlarda adolatli muvozanatlarning buzilishi kuzatilmoqdi. Gʻarbda ayollar oʻta axloqsiz, behayo boʻlib ketishgan. Yuz yil avval Anna Kareninaga oʻxshaganlar barmoq bilan sanarli boʻlsa, endi kishining aqli hisobdan adashib ketadi. Bunday holatlarni biz xorijga qilgan safarlarimiz davrida oʻz koʻzimiz bilan kuzatdik. Gʻarbning kinofilʼmlari ham fikrimizni isbotlaydi. Gʻarb ayollari oʻzlarini erlar bilan teng huquqli deb bilishadi. Dinimizda bunday emas. Oilada er va ayolning oʻz oʻrni muvozanat va adolat bilan belgilab berilgan. Bu muvozanat buzilgan jamiyatlarda “erkin muhabbat” degan ahmoqona, aytish mumkinki, hayvonlarga xos tushunchalar tugʻildi. Ya’ni er-xotin birgalikda yashayveradi, ammo xotin koʻngli tusagan erkak bilan, er esa koʻngliga yoqqan ayol bilan zino qilaveradi. Agar bola tugʻilsa, qaysi erdan tugʻilganini aniqlash uchun irsiyat sohasidagi mutaxassislarga murojaat qilishadi. Bu ham yetmaganday erkakning erkak bilan ayolning ayol bilan nikohlarini rasmiylashtirish boshlandi va bu hayvoniy qoʻshilishni ham muqaddas nom - “oila” deb atayaptilar. (Bu haqda fahsh bobida kengroq toʻxtalarmiz.)

Dinimizning jinsiy munosabatlar xususida gʻoyatda ma’qul, nihoyatda maqbul tavsiyalari bor. Birinchidan, nikoh sunnat va savobdir; nikohlangan kishining savobi ortadi. Uylangan kishi uyiga bir hissa yegulik va ichgulik olib kelsa, yetti yuz hissa savob beriladi. Roʻzgʻor tebratish uchun qilingan sarf-xarajatlar jihod qilish bilan barobar hisoblanadi. Hatto nikohdagi er-xotinning jinsiy aloqasida ham savob bor. Rasululloh (s.a.v.) shu haqda gapirganlarida sahobalar: “Yo Rasulalloh, biz nafsimizning, shahvatimizning orzusini qondiramiz, bundan ham savob topamizmi?” deb soʻrashganlarida javob berdilarkim: “Albatta! Shunday qilmasangiz, gunoh yoʻli bilan qondirishingiz mumkin... Shuning uchun ham savobdir”.

Islomda inson tabiatiga, fitratiga, yaratilishiga gʻoyatda mos bir xatti-harakat mavjud. Erning xotini yoniga uzoq muddat yaqinlashmasligi ham durust emas. Chunki u ayolning ham jinsiy xohishlari bor, uning ham ehtiyojlarini qondirish kerak, degan ma’noda adolat qilishga chaqirganlar. Shuning uchun Islomda shar'iy jinsiy muammoga e’tibor berishgan, uni aslo ayb sanashmagan. Ba’zan er-xotinning ajralishi sabablarini diqqat bilan oʻrgansangiz, oilani buzilishiga olib keluvchi jiddiy holatlarni uchratmaysiz. Bizda oilaning buzilishiga aynan jinsiy munosbatlardagi yetishmovchiliklar ham sabab boʻlishi mumkinligi sira aytilmaydi. Bu ayb sanaladi. Hatto ayrim erlarning yoki ayollarning zinoga yurib ketishlariga ham bir-birlaridan qoniqmaganlari sabab boʻladiki, buni e’tibordan chetda qoldirish mumkinmas.

Sha’biy (r.a.) aytadilar:

“Bir ayol hazrati Umarning (r.a.) huzurlariga kelib: “Ey amiral moʻ'minin, sizga insonlarning eng yaxshisi ustidan shikoyat qilgani keldim. U shunday odamki, yaxshi amal borasida unga yetadiganlari oz. Kechalari tonggacha namoz oʻqiydilar va kunduzlari doimo roʻzador boʻladilar”, deganidan keyin uyalib, aslida aytmoqchi boʻlgan gaplarini aytolmadi va: “Ey moʻ'minlarning amiri, meni kechiring”, - dedi.

-Yaxshi, - dedilar hazrati Umar. - Alloh sendan rozi boʻlsin. Sen u odamni juda yaxshi sifatlar bilan maqtading. U haqda bundan ortiq biror narsa gapirishingga hojat yoʻq.

Ayol chiqib ketgach, Ka’b ibn Surr (r.a.) dedilar:
-Ey amiral moʻ'minin, ayol uyalib, shikoyatini soʻzlay olmadi.
-Ayolning qanday shikoyati bor edi?
-Ayol eridan “zavjiyat (ya’ni er-xotinlik) haq-huquqlariga rioya etmayotir”, deb shikoyat qilmoqchi edi.

Bu gapni eshitganlaridan soʻng hazrati Umar (r.a.) ayolni orqaga qaytarib, uning eriga ham xabar yubordilar va ayolning eri kelgach, Ka’bga:
-Oralarida sen hakamlik qil, - dedilar.
-Siz shu yerdaligingizda men qanday hakamlik qilaman?
-Men tushunmagan narsaga sening aqling yetdi. Binobarin, ularni eshitib, oralarida hukm etmoq sening haqqingdir, - dedilar xalifa.

Shunda Ka’b xaligi odamga:
-Alloh subhanahu va taolo erlarga xitoban: “agar yetimlarga adolatli boʻla olmaslikdan qoʻrqsangiz, sizlar uchun (nikohi) halol boʻlgan ayollarga ikkita, uchta, toʻrttadan uylanaveringlar”, deya marhamat qilganiga koʻra, koʻpi bilan uch kun (nafl) roʻza tutishing mumkin. Toʻrtinchi kuni tutmasliging kerak va koʻpi bilan uch kecha tonggacha ibodat qilishing mumkin. Toʻrtinchi kecha ayolingning yonida yotishing lozim, - dedilar.

Er-xotin ketishgach, hazrati Umar Ka’bga:
-Sening bu topagʻonliging boyagisidan ham goʻzaldir,-dedilar va Basraga qozi etib tayinladilar”.

Bu rivoyatda goʻzal bir donolik ham charaqlab turibdi: hazrati Umar erga toʻgʻridan-toʻgʻri “erlik vazifangni bajar”, deb amr qilmadilar va buni dono birodarlariga topshirdilar. Ka’b ham oʻta noziklik bilan tushuntirdi. Chunki u kishi ham “ibodatingni yigʻishtirib, xotining bilan birga boʻl”, deya olmasdilar.

“Uylanishdan, xotin olishdan hammaning maqsadi bir xil emasdir”, deyilsa, bu fikr dastlab gʻalati tuyulishi mumkin. Ba’zilar aysh-ishrat qilish, shahvat nafsini qondirish uchun uylanmaydilarmi? Shu niyatda eng suluv qizlarga yetishmoq uchun ne-ne shumliklar qilmaydilar? Bu shumlikni oqibatini biz “oila” deya olmaymiz. Ba’zilar esa boy boʻlish maqsadida boy xotinga tuzoq qoʻyadilar. Buning natijasi ham “oila” emas. Yana bir xil odamlar farzandtalab boʻladilar va shu maqsadda oila quradilar. Ba’zi odamlar gunohdan saqlanish uchun uylanadilar. Yana bir qanchalari uy-roʻzgʻor, saranjom-sarishtaliklari uchun uylanadilar.

Oila qurishda ulugʻ savoblar borligini yana ta’kid etamiz. Shunday insonlar borki, savob uchun atayin uylanishadi, savob istagida turmushga chiqishadi. Bir ilmli odam bir qizni soʻrab sovchi yuboradi. “Allohning amri, hazrati Paygʻambarimiz (s.a.v.) sunnatlariga muvofiq qizingizga uylanmoqchilar. Biz roziligingizni olmoqqa keldik”, deyishadi sovchilar. “U kishi jonimni soʻrasalar jonimni beray, ammo qizim u zotga munosib emas. Chunki qizimning ikki oyogʻi shol. U muhtaram zotga esa xizmatlarini ado etuvchi sogʻlom jufti halol kerak”, deydi qizning otasi uzr bilan. Sovchi qoʻygan kishi qizning ahvolidan xabardor edi. “Bu qiz nogiron boʻlgani sababli unga hech kim uylanmaydi. Sogʻlom va chiroyli boʻlganida hamma ketidan chopib, holi-joniga qoʻymasdi. Men shu bechoraga uylanib, koʻnglini koʻtaray”, degan qaroridan qaytmaydi.

Shunga oʻxshash boshqa voqea: Shuhrat Umarov ismli shoir birodarimiz boʻlardilar. (Alloh rahmat etsin!) Shuhrat aka talabalik yillarida yiqilib, bellari mayib boʻlib yotib qolgan edilar. Bu holdan xabar topgan shoira singlimiz Nasibaxon taqdirlarini shu nogiron shoir taqdiri bilan bogʻlashga qaror qildilar. Yosh va goʻzal qizning bu qarori koʻpchilikni taajjubga soldi. Taajjublanganlar Nasibaxonning tashqi goʻzalliklarini koʻrardilaru ammo qalb goʻzalliklarini, iymon goʻzalliklarini his qila olmasdilar.

Biz shunaqamiz: nogiron faqat nogiron bilan turmush qurish kerak, degan bema’ni tushuncha bilan yashaymiz. Sogʻlom yigit shol yoki koʻzi ojiz qizga uylansa ajablanamiz. Goʻzal qiz nogironni sevsa ishonqiramaymiz. Demaymizki, Alloh roziligi uchun qilinayotgan bu amallar naqadar goʻzal! Shuhrat aka bilan Nasibaxonga Alloh solih oʻgʻil farzand berdi. Shuhrat aka hali yosh oʻgʻillariga “onangni Haj ibodatiga olib borasan”, deb vasiyat qilgan ekanlar. Behzod ulgʻaygach, ota meros avtomashina sotilib, vasiyat bajarildi - Alloh ona va bolaga ulugʻ ibodatni nasib etdi. Nasibaxon baxtlarini aynan shu oilada topganlariga ishora emasmi bu!

Ulugʻlik deganimiz ham shu, qahramonlik deganimiz ham shu! Oilaning muqaddas tushuncha ekaniga ham misol shu.

Tilimizda “oila qurdi” yoki “oila barpo etildi” kabi iboralarni koʻp uchratamiz. Shuning qatorida “oila buzildi” yoki “oilasi barbod boʻldi” deganlari ham bor. Demak, oila umr yoʻlidagi goʻzal bir saroyga oʻxshatilyapti. Demak, uni qurish kerak. Qurganda ham poydevorini mustahkam qilib, zilzilayu doʻllarga bardosh beradigan tarzda bino qilish shart. Demak, “oila” yoshlar qoʻliga tantana bilan tutqaziladigan zarqogʻozga oʻralgan shirinlik emas. Afsuski, ayrim badavlat ota-onalar oilani shunday tushunadilar. Farzandlarini moddiy tomondan toʻla ta’minlab oila qurildi, deb xotirjam boʻladilar. Toʻgʻri, oila saroyini qurishda ota-onaning vazifasi mavjud. Ammo toʻlaligicha qurib bera olmaydi. Bu qurilishda er-xotinning oʻzi ham faol ishtirok etmas ekan, bu saroy dastlab shokolad kabi boʻlishi mumkin, ammo sal vaqt oʻtib, eriy-eriy yoʻq boʻlib ketadi. Oʻzicha erib ketsa, taqdirga tan berilar, ammo bu shokolad qasrni yalashga ishqibozlar ham topilib qolsa-chi?

“Uylanishdan oldin ikkala koʻzingni ham katta och, uylanganingdan keyin bittasini yum”, degan yozilmagan bir qoida borki, koʻpchilik unga amal qilmaydi. Avvalo yigitning ham qizning ham ikkala koʻzlarini katta ochishlariga ota-onalari yoʻl qoʻymaydilar. Keyin esa yosh xotinning harakatlarini kuzatishda bitta koʻzni yumish oʻrniga toʻrt-beshta koʻz bilan qaray boshlaydilar. Ahmad Donish aytgan ekanlarkim: “Agar kelin-kuyov birovlarning gaplariga, fisqu fasodlariga kirar ekanlar, ularning shirin turmushlari buziladi, oralariga sovuqlik tushadi”.

Yigit va qiz yostiqdosh boʻlgunlariga qadar bir-birlarining odatlari, fe’l-atvorlari va ruhiyatlarini mukammal oʻrganishmasa oilani baxtiyorlik poydevoriga qurishlari oson boʻlmaydi. Chunki yaxshi oila qurish uchun birgina muhabbat kifoya emas. Orada doʻstlik va ishonch ham boʻlishi kerak. Shunday oilalarni uchratamizki, er-xotin bir-birini sevadi, turmush qurishni esa bilmaydi. Oila qurishda ma’lum bosqichlarda birgalikdagi kurash, mashaqqatlarni birgalikda yengib oʻtish talab etiladi. Deydilarki: “Muhabbatning koʻzi koʻr boʻladi”. Ya’ni bir-biriga koʻngil qoʻygan yigit va qiz uncha-muncha xato va kamchiliklarni sezmaydilar, sezsalar ham e’tibor bermaydilar. Muhabbatning koʻzi koʻr boʻlsa, oilaning koʻzlari hamisha ochiq boʻladi. U hatto tunlari ham yumilmaydi. Ilgari arzimas hisoblangan kamchiliklar jiddiy ahamiyat kasb eta boshlaydi. Ota-onalarning esa boshlari qotadi: axir bir-birlarini yaxshi koʻrishardi-ku? Yigit “shu qizdan boshqasiga uylanmayman”, deb qancha “nomzodlarni rad etgan edi-ku? (Qiz ham boshqa yigitlarni xushlamagan edi!)

Bir-birini bilish - bir-biri haqida hamma narsani bilish emas. Bu bir-biriga nisbatan ishonchli va yoqimli munosabatda boʻlish, bir-biriga ishonish demakdir. Odam boshqa shaxsning ruhiy olamiga bostirib kirishga urinmasligi kerak. Ayol bilan tanishish uchun bir necha daqiqa yetarli, uni yaxshi bilish uchun esa yillar kerak. Ayrim donolarning fikricha, ayolni toʻliq bilish uchun esa u bilan ajralish kerak ekan. Albatta biz bu fikrni hazil ma’nosida qabul qilamiz. Lekin, ayrim er-xotinlar ajralishib ketishganlaridan soʻng, ayniqsa boshqa oila qurganlaridan keyin bir-birlarining qadrlariga yeta boshlaydilar. Yaxshi erning qadriga yetmagan xotinga Alloh yanada zolimroq erni, soliha ayolning qadriga yetmagan erga esa kuydirguvchi xotinni roʻpara qilib qoʻyadi. Chunki er yoki xotin shayton vasvasasiga kirib Rahmon yoʻlini unutganlari uchun shunday jazoni olishlari tayin.

Alloh buyuradiki: “Ey iymon keltirganlar! ...ular (xotinlaringiz) bilan totuv turmush kechiringlar. Agar ularni yomon koʻrsalaringiz (bilib qoʻyingki) balkim sizlar yomon koʻrgan narsada Alloh (sizlar uchun) koʻpgina yaxshilik paydo qilar” (Niso surasidan). Alloh iymon keltirganlar, deb murojaat etyapti. Demak, iymon keltirdingmi, endi iymon shartlaridan biri boʻlmish oilang haqqiga rioya qil, totuv yasha. Boʻlar-boʻlmasga janjal chiqarma. Xotinni yangilashga (yoki erni) oshiqma. Oilani qayta-qayta buzish iymonsizlarga xosdir.

Yevropaliklarda “erlar ayollar uchun birinchi boʻlishni, ayollar esa erlar uchun soʻnggisi boʻlishni orzu qiladilar”, degan gap bor. Bir qaraganda aqlli gapga oʻxshaydi. Ammo bu oʻsha tomon uchun aqlli, ularning oila haqidagi buzuq tushunchalariga mos keladi. Deyilmoqchiki: er uylanmoqchi boʻlgan qizning avval boshqa erkak bilan boʻlmaganini orzu qiladi. Agar zinoga aralashgan boʻlsa, farqi yoʻq, bu yogʻiga halol yursa bas. Xotin esa “erim mengacha yurgan boʻlsa yurgandir, endi yurmasin”, deb orzu qiladi. E’tibor beryapsizmi, orzu qilyapti! Islomda esa bunday buzuq holda oila qurish man etiladi. Oila nomusiga gard ham qoʻnmasligi kerak.

Hozirgi kunimizda gʻarb mamlakatlarida oilaga munosabat yomon tomonga oʻzgarib ketgan. Holbuki, avvalgi zamonlarda ularda ham oila muqaddas deb hisoblangan. Oilaga “erkinlik” martabasini berilishi jamiyatni ham bora-bora izdan chiqaradi. Chunki “erkinlik” tushunchasi “nima istasang qilaver”, degani emas. Alloh “Mendan uyalmasang, nima istasang qilaver”, deb bekorga ogohlantirmagan. Allohdan uyalmadimi, demak, ota-onasidan ham, qarindoshlari, atrofidagi boshqa odamlardan ham uyalmaydi, kengroq ma’noda olsak, jamiyatdan uyalmaydi. Uyalmadimi, jamiyat oldidagi burchini unutadi. Jamiyat qonunlaridan yuz oʻgirgan oilalar koʻpaysa bu jamiyatning holiga voy emasmi!

Gʻarbda bugungi kunda oila bobidagi bir qancha buzilishlar mavjud:

  • odamni hayvondan ajratib turuvchi narsa ongli ravishda pokiza oila qurish. Oila deganda biz er va ayolning qoʻshiluvini anglaymiz. Lekin erkak bilan erkakning, ayol bilan ayolning qoʻshiluvini “oila” deb atash odamzotni hayvonot olami bilan teppa-teng qilib qoʻymaydimi? Bu fikrni ikkinchi bor qayta ta’kid etishimiz bejiz emas. Bu holatni hayvonot olamiga oʻxshatyapmizu, ammo urgʻochi bilan urgʻochining, nar bilan narning qoʻshiluvi hayvonlarda ham yoʻq. Erkakning erkakka intilishi koʻp yuz yillardan beri mavjud, biroq, jamiyat bundaylardan nafratlanib kelgan, koʻpayishiga yoʻl qoʻymagan. Lut alayhissalom qavmlariga yuborilgan ofatni eslasak kifoya qilar? Endilikda esa bunday “oila” qurishga turli mamlakatlarda qonun yoʻli bilan ruxsat berishga intilish bor.

  • oila qurmay yakka-yolgʻiz yashashga intilish kuchli. Ma’lumotlarga koʻra, jahon boʻyicha amerikaliklar bu sohada ham peshqadam ekanlar. Erkakning yoki ayolning oila qurishdan boʻyin tovlab yolgʻiz yashashi ham oqibatda jamiyatni jar yoqasiga keltirib qoʻyadi. Ilgarilari sobiq ittifoqning yevropa qismida shunday odamlar ragʻbatlantirilardi. “Matʼ odinochka” deganlari boʻlardi. Ya’ni bolaning onasi boru otasi yoʻq. Bu xonimcha mutlaqo oila qurmasdan kimdandir bola orttirganlar. Shu uchun unga navbatdan tashqari uy berishgacha borganlar. Mana endi

Rossiyada aholi keskin kamayib ketyapti, deb bong urib oʻtirishibdi. Oʻtmish gʻarb faylasuflaridan Engelʼs xotinning erga boʻysunishi faqat iqtisodiy qaramlikka bogʻliq. Ya’ni, er moddiy ta’minotchi, agar xotin oʻzini oʻzi ta’minlay olsa, erga boʻysunmay qoʻyadi, degan gʻoyani ilgari surgan edi. Bu gʻoya oradan yuz yil oʻtib, oʻsha tomonlarda oʻz isbotini topyapti. Lekin bu gʻoyani hayotiy haqiqatga asoslangan, deb boʻlmaydi. Qaysiki oilada ruhiy-ma’naviy tushkunlik hukmron boʻlsa, bu gʻoya ham yashaydi. Tanho yashovchi odamning (u xoh erkak, xoh ayol boʻlsin) hayoti qanchalik yaxshi ta’minlaganidan qat'i nazar qashshoqlikdan iboratdir.

  • biz tomonlarda oila buziladigan boʻlsa, er taloq qiladi yoki xotinni er tashlab ketadi. Yevropada esa aksi: erni xotin tashlab ketadi. Ruslarda “Broshenniy muj” degan ibora bor. Ularda xotini tashlab ketgan er nima qilishi kerak, degan muammo ham mavjud. Xotin erni tashlab ketdi, degani otasining uyiga borib turibdi, degani emas. Xotin erni nima uchun tashlaydi?

Sevmay qolgani uchun. Ularda sevib qolish ham oson, sevgidan aynish ham oson. Xotinga boshqa erkak yoqib qolsa, eriga: “ranjimagin, men boshqani sevib qoldim”, deb ketaveradi. Bu oʻrinda oila faqat buzuqlik tufayli buziladi.

Birinchi holat ham, ikkinchi-uchinchisi ham yuqumli xastalikka oʻxshaydi. Tez tarqaladi, davosi esa gʻoyat mushkul. Oqibat esa millatning yoʻq boʻlib ketishigacha olib borishi hech gap emas. Demoqchimizki, bizda ham bu kasallik nishonalari koʻrinib qolyapti. Ziyraklikni boy bersak, kechikib qolishimiz mumkin. Qishloqlarda sezilmaydi, ammo shaharlarda erdan ajralganidan keyin “agar er shunaqa boʻlsa, erning beti qursin, jonimni qiynamay, ersiz oʻtaman bu dunyodan”, deb boshqa turmush qurmay yashovchi ayollar soni kamayayotgani yoʻq. Biz bu ayollarni buzuqlikda ayblashdan yiroqmiz. Lekin oila bilan yashasalar oʻzlari uchun ham, jamiyat uchun durustroq boʻladi. Yashirishning hojati yoʻq, agar kim “falonchining qizi erdan ajrab koʻp qavatli uyda yolgʻiz yasharkan”, deb eshitsa, xayoliga darrov shum fikr keladi. Qoʻshni ayollar ham yolgʻiz yashovchi bu xotinni tinmay kuzatishadi. Agar biron begona erkakning mehmon boʻlganini bilishsa, tamom “dostonlar” bitilaveradi.

Turmush qurmay yolgʻiz yashash gʻarbliklar uchun yangilik emas. Nasroniy dini tobe’lari orasida tarkidunyochilik odati bor. Nasroniylar buning uchun maxsus dayr (rohiblar yashaydigan monastir)lar quradilar. Rohiblarga uylanish, rohibalarga turmushga chiqish man etiladi. Ular “Uylanish va farzand orttirish kishini Haq xizmatidan va Xudoga yaqin boʻlishdan chetlashtiradi”, degan aqidaga asosan turmush qurmaslikni komillikdan deb biladilar. Oila qurish, uning tashvishlari muqobilida erkin yashash rohati turadi. Agar odamzot ixtiyori oʻzida boʻlganida shu rohatdan boshqasini istamagan boʻlardi. Ammo Yaratgan Alloh ham er, ham ayol mijoziga shahvatni qoʻshib berkanki, ana shu shahvat taqozosiga koʻra birga boʻlishni istab, oila quradilar. Shu sababli bashariyat nasli Allohning irodasiga koʻra oxiratgacha saqlanib qoladi. Shahvat taqozosi deganimiz bir sabab. Aslida oila qurishni, nasl qoldirishni Alloh iroda etgan, bandalarga farz qilgan. Baqara surasida bu xususda shunday ma’nolarni oʻqiymiz: “Xotinlaringiz sizlarning ekinzor yerlaringiz boʻladi. (bu soʻzlar bilan Qur'on er-xotinning yaqinlashuvidan birinchi muddao - farzand talab qilish ekaniga ishora qilmoqda) Ziroat yerlari urugʻ sepganda samara beradi. Xotin ham ekinzordir va hosili - farzand. Bas, oʻz xotinlaringiz bilan farzand niyatida aloqa qiling va kelajakda oʻzlaringiz uchun farzand tarbiyalang. Allohdan qoʻrqing, Uning qahriga ilinmangiz. Bas, tugʻilish va visol uchun bergan quvvatni bekor qoldirmang va zoe qilmang. Ey Muhammad, saodat mujdasini (jannat xushxabarini) iymonlilarga bergin”. Demak, uylanish va oila qurish iymon talablaridan biri ekan. Buni dunyoviy misol bilan sharhlasak: bir odam ijaraga yer oldi, dehqonchilik qilaman, degani uchun unga bank mablagʻ ham berdi. Ammo bu odam va’dasiga xiyonat qildi. Yerga qaramadi, mablagʻni boshqa narsaga sarf qildi. Mamlakat qonuniga koʻra u jinoiy javobgarlikka tortiladimi, qamaladimi? Demak, erlik quvvatiga ega odam bu quvvatni ishlatishda Lut qavmiga oʻxshasa yoki boshqa buzuqliklar qilsa Alloh belgilagan qonunga xiyonat qilgan boʻladi va shunga yarasha jazosini oladi. Anas (r.a.) rivoyat qilgan bir hadis bor. Nabiy (s.a.v.) dedilarkim: “Xudo haqqi, men sizlardan ham koʻproq parhezkor va Allohdan qoʻrqadigan odamman, lekin roʻza tutaman, iftor qilaman, namoz oʻqiyman, uxlayman va uylanaman. Kim bu sunnatdan yuz oʻgirsa, u mening ummatim emas”. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (s.a.v.) “Sizlarning eng yomonlaringiz xotin olmagan kishidir”, deb marhamat qiladilar. Uylanishni istamaganlar ilohiy qonunlarga qarshi ish tutganlari sababli Paygʻambarimiz alayhissalom shunday qattiq hukm chiqarganlar. Said Abu Hilol (r.a.) rivoyat qilishlaricha, Nabiy (s.a.v.) “Uylaninglar va oʻz nufuzlaringizni ziyoda qilinglarkim, qiyomat kuni men sizlarning koʻpligingiz bilan faxr qilaman”, deganlar. Bu bejiz emas. Chunki millatlarning kuch va shavkatu e’tibori ularning nufuziga ham bogʻliq. Yevropaliklar buni yaxshi anglaganlari uchun ham doimiy ravishda aholisi oʻsishini kuzatib boradilar. Oʻsish yetarli boʻlmasa olimlari: “Hoy vatandoshlar!

Koʻzingizni oching, millatimizning sharafu e’tibori susaymoqda. Bu ketishda millatimiz nest-nobud boʻladi. Sharafimizni, vatan va millatimizni himoya qilish uchun arzanda farzandlarni koʻpaytiringlar!” deb jar soladilar. Tarixda Pol Demar ismli fransuz sotsiologi va iqtisodchisi yashagan. U millatining oʻn toʻqqizinchi asrdagi ya’ni yuz yillik davridagi sonini tadqiq qilgan ekan. Uning hisobicha, aholining oʻsishi boʻyicha fransuzlar ingliz yoki olmonlardan ortda qolishibdi. 1810 yilda Fransiya aholisi 28 milyon, Angliyaniki 10, Olmon aholisining soni 18 milyon ekan. Yigirmanchi asr boshiga kelib Olmon aholisi 59, Angliya aholisi 62 milyonga yetibdi. Fransiya aholisi esa 39 milyonga yetibdi. Bu degani 80-90 yil mobaynida inglizlar 52, olmonlar 41 milyon oshganlari holda fransuzlar 11 milyonga oshibdi. Olimni bu hisob qoniqtirmay millat qaygʻusida shunday yozgan ekan: “Agar ahvol shunday davom etaversa, biz nafaqat vatan muhofazasidan, balki hayot orzusidan ham mahrum boʻlamiz. Bugun biz - fransuzlarning mamlakati va millati jar labiga kelib qolgan. Bu chuqurga tushib ketishimizga oz qolibdi. Lekin hali ham kech emas, millat va vatanni bu halokatdan qutqarish uchun himmatimiz va sa’y-harakatimiz kerak”. Yevropa olimlari millatlarining kamayishidan shu darajada qoʻrqadilar. Endi Pol Demarning tadqiqotini davom ettirsak, bu holatga duch kelamiz: oʻtgan asrning yetmishinchi yillariga kelib Angliyadagi aholi soni 45,3 milyon, Germaniyada 76,5 milyon Fransiyada esa 53 milyonni tashkil etgan. Bu raqamlarni solishtirishdan avval orada ikki marta Jahon urushi boʻlib oʻtganini, millionlab odamlar oʻldirilganini hisobga olishimiz kerak. Demak, keyingi 60-70 yil ichida Angliya aholisi kamayibdi, olmonlar va fransuzlar esa koʻpayibdi. Lekin shunga qaramay ularning olimlari hanuz tashvish bilan bong uradilar. Chunki koʻpayish ayni shu millat vakillari hisobiga boʻlmayapti. Ikkinchi jahon urushidan keyin bu mamlakatlarga boshqa qit'alardan odamlarning koʻchib kelishi koʻpaydi. Garchi millionlab osiyoliklar, afrikaliklar ham shu mamlakat fuqarosi hisoblansalar-da, ayni shu millat sha’nini belgilamaydilar. Fikrimizning isboti uchun shu mamlakatlar futbol terma komandalariga nazar tashlaylik: asl inglizlarga nisbatan kelgindi xalqlar vakilini koʻproq uchratamiz. Ilgari bu mamlakatlarning mustamlakachilari osiyolik va afrikaliklarni zoʻrlab, qul qilib haydab kelgan boʻlsalar, endilikda bu qit'alardan yopirilib kelayotganlar yoʻlini toʻsolmay garanglar. Ta’bir joiz boʻlsa, qadim qullarning avlodlari bugunga kelib quldorlar yurtini zabt etyaptilar.

Mazkur risola oqqa koʻchirilayotgan paytda Germaniyada chiqadigan “Velʼt” gazetasi oʻtkazgan bir tadqiqot bilan tanishib qoldim. Bu tadqiqotda 35 yoshgacha boʻlgan nemis ayollari ishtirok etganlar. Muxbirlar ularga bittagina savol bilan murojaat etishgan: nemis ayollari nima uchun farzand koʻrishni mumkin qadar orqaga choʻzishadi (paysalga solishadi)? Bu savol bekorga kun tartibiga qoʻyilmagan. Kuzatuvlarga qaraganda, nemis ayollari keyingi yillarda birinchi farzandlarini 29 yoshga yetganlarida koʻrishar ekan. Vaholanki, oʻn besh yil muqaddam bu koʻrsatgich ancha past boʻlgan. Soʻrovga javob berganlarning 44 foizi er va ayollarning bir-biriga boʻlgan ishonchsizligini va ijtimoiy-siyosiy hayotdagi bandligini asosiy sabab sifatida koʻrsatishgan. Germaniya hukumati farzand koʻrayotgan onalarning ijtimoiy himoyasini yildan yilga kuchaytirib borishiga qaramay, ahvolning bu darajaga tushib qolishi jamiyatni tashvishga solyapti. Chunki Germaniya demografik koʻpayish jihatidan dunyodagi oxirgi oʻrinlardan biriga tushib qolibdi. “Nahotki pul topishga boʻlgan qiziqish oilaviy baxtdan yuqori tursa?” “Berliner saytung” gazetasi jamiyat tashvishini shu savol orqali kun tartibiga qoʻyibdi.

Yuqorida Rossiya aholisining kamayib borishidan mamlakat rahbariyatining tashvishlanayotganini bayon qilib edik. 1982 yilda Latviyada boʻlganimda shu yerlik bir yozuvchi “yaqin yuz yil ichida mening millatimdan nom-nishon qolmaydi”, deb afsuslangan edi. Chindan ham oʻsha paytda latviyaliklar soni bir milyonni tashkil qilardi. Tugʻilish darajasi esa past edi. Millatni saqlab qolish uchun har oila kamida uch farzandni dunyoga keltirishi kerak.

Ikkita farzand - oʻringa oʻrin qoldi, demak. Bitta farzand - millatning keskin kamayishidan darak. Farzandsiz oila - millatning fojiasi. Yevropa olimlari oʻz millatlarining taqdiridan tashvishlanib, koʻpayish jihatdan sur'ati tez millatlarda tugʻilishni kamaytirish choralarini koʻrishga harakat qiladilar. Shu niyatda turli xalqaro anjumanlarga yigʻilishib, turli xalqaro bitimlar, qarorlar imzolaydilar.

Shulardan biri ayollarning homilador boʻlishlari oldini olish, abortga rasmiy ruxsat beruvchi qonunlar qabul qilishga da’vat qilish kabi urinishlardir. Bu harakatlarga Islom olami qat'iy qarshilik bildirdi. Rim papasi ham bu urinishlarni Xudoning xohishiga qarshi harakat sifatida baholadi. Zotan xotin va farzand Xudovandi Karimning ulugʻ ne’matlaridan sanalgani uchun bu ne’matlarga kufr keltirmoqlikdan saqlanish shart. Xulosa chiqadiki, farzandlar balogʻat yoshiga yetganida ularni uylantirish (turmushga uzatish) ota-ona zimmasidagi farz, bajarilishi shart boʻlgan vazifa. Agar ota-ona vafot etgan boʻlsa bu farz yaqin qarindoshlar zimmasiga oʻtadi. Agar ular ham boʻlmasa bu vazifani mahalla, qoʻni-qoʻshnilar, doʻstlar bajaradilar. Hozir ayrim ota-onalar bahona topadigan boʻlib qolganlar. “Avval oʻqishini bitirib olsin”, “Bir-ikki yil ishlasin”... Oʻqishni bitirish, ishlash orqaga surilsa zarari yoʻq. Lekin uylanish - tabiiy zarurat, uni orqaga surish oila uchun uyatli holatlarga olib kelishi mumkin. Toʻysiz, nikohsiz, ota-ona roziligisiz uylanib olayotganlar boshqalarga ibrat boʻlmaydimi? Bir birodarimiz qiziga kelayotgan sovchilarni sababsiz qaytaraverar ekan.

Aytishicha, qiziga hali mebel olmabdi. Shu qizi sevgan yigiti bilan mebelsiz, eng muhimi ota-ona roziligisiz nikohdan oʻtib olsa kimni ayblash kerak boʻladi?

Oilaning barpo etilishi goʻzal hodisa: toʻyu tamoshalar bilan nishonlanadi, bu kunlarga yillar tayyorgarlik koʻriladi. Barbod etilishi esa xunuk manzara, bunga ham uzoq oylar yoki yillar tayyorgarlik koʻriladi. Faqat odamning oʻzi buni sezmaydi. Hech kim ozgina birga yashab keyin ajralishib ketayin, degan maqsadda oila qurmaydi. Lekin...

Lekin nima uchun oila buziladi? Bunga aniq bir javob berish qiyin. Har bir holatda oʻziga yarasha sabab yoki bahona boʻladi. Lekin alohida bir sabablarni umumiy tarzda birlashtirib turuvchi sabablar ham mavjudkim, shular haqida fikrlashsak:

Sir emas, oilalarning buzilishi hollari bizda ham koʻpayib boryapti. Buni ayrimlar iqtisodiy qiyinchiliklar bilan bogʻlashyapti. Lekin men bu fikrga qoʻshilmayman. Bu fikr bizni oilaga xos boʻlgan asosiy masalalardan chalgʻitishi mumkin. Yaqin tariximizda mashaqqati jihatidan gʻoyat tengsiz hisoblanuvchi qahatchilik, ocharchilik, qimmatchilik, urush yillari boʻlgan. Bu baloyu ofatlar mashaqqatlarini oʻz boshlaridan kechirgan otaxonlar-onaxonlar aytishsin: oʻsha ogʻir yillarda oilaning buzilishi bugungiday koʻp boʻlmagan-ku? Men buni oʻz oilamiz misolida ham aytishim mumkin. Dadam rahmatli Margʻilondan, ayam rahmatli Andijondan Toshkentga oʻqishga kelishib, shu yerda turmush qurgan ekanlar. Besh farzand koʻrib, barchalarini oʻqitganlar. Kamina beshinchi farzandman. Qariyb yigirma besh yil mobaynida bizning oʻz uyimiz boʻlmagan. Ijara uylarda yashab kelganmiz. Oilaning yagona bisoti eski sandiq uydan uyga koʻchaverish natijasida shalagʻi chiqib ketayozgan edi. Gilam degan matohni orzu ham qilmaganmiz. Men oʻsha oʻtmishni eslasam, “hammamiz ijara uylarda tugʻilganmiz”, deb hazillashib qoʻyaman. Holbuki, bu hazil emas, haqiqat edi. Hukumat tomonidan hovli berilib, bir uy, bir dahliz qurib koʻchib kelganimizdan keyin ham mashaqqatlar davom etgan edi. Kuz, qish, bahor chakka oʻtgan uylarda diydirab yashardik. Men bu oʻrinda shunchaki xotiralarni bayon qilayotganim yoʻq. Bizga oʻxshab azoblanib yashagan oilalar juda koʻp edi. Lekin “qiyinchilik vajhidan oilasi buzilibdi”, degan gaplarni kam eshitardik. Ota-onalarimiz qurgan oilani nima ushlab turardi? Sabr-bardoshmi? Bir qishloqda aytib berishgan edi: qiyinchilik yillari qishloq raisining uyida bitta atlas koʻylak bilan bitta toza toʻn saqlanarkan. Turmush qurayotgan kelin va kuyov shu sarponi bir kunga olib turishar ekan. Shunday holatda oila qurganlarning nabiralari endi nikohga “mersedes”, “limuzin”larda borishni talab qilishyapti.

Mayli, borishsa borishsin. Biz farzandlarimizga qiyinchilik tilamaymiz. Bizning uyimizda gilam boʻlmasa, ularning uylari qoʻsha-qoʻsha gilamlar bilan toʻlsin. Lekin bu moddiy ta’minot nima uchun farzandlarimizning baxtli turmush kechirishlarini ta’min eta olmayapti? Biz shu haqda koʻproq oʻylashimiz shartga oʻxshab qoldi. “Kimga yaxshi kuyov uchragan boʻlsa, u odam oʻgʻillik boʻlibdi. Kimga yaramas kuyov yoʻliqqan boʻlsa, u odam qizini yoʻqotibdi”, deydilar. Xuddi shuni “Kimning uyiga yaxshi kelin kelsa, qizlik boʻlibdi, yomon kelin kelsa oʻgʻlidan ajrabdi”, deb izohlasak ham boʻladi. Kelin va kuyov tanlash huquqi biz - ota-onalarda boʻlaturib, nega shoshilamiz, nega oʻylamay qadam bosamiz? Yoshlarni-ku, hayotni bilmaydi, gʻoʻr, deymiz. Oʻzimiz-chi? Oʻzimiz ham hayotni bilmaymizmi?

Bizda shu kunlarda ikki hil nikoh mavjud. Biri davlat tomonidan rasmiylashtiriladi. Nikohning muqaddasligini oʻzi ham his eta olmagan, hali hayot tajribasiga ega boʻlmagan goʻzal xonimlar ikki-uch daqiqaning ichida ishlarini bajaradilar. Diniy nikohimiz ham undan qolishmaydi. Domlaning qisqagina savol-javobi bilan xutbasi taxminan shuncha vaqt oladi. Duo qiladi-yu, oʻziga atalgan tugunni qoʻltiqlab joʻnab qoladi. Nikoh oʻqiyotgan domlamiz muqaddas va muazzam saroy poydevorini qoʻyishga vosita boʻlayotganlarini oʻzlari ham his etmaydilar. Nikohlangan ayrim yoshlar iymon kalimasini ham bilmaydilar. Islomdagi nikoh va oilaning muqaddasligi nimalardan iborat ekanini tasavvur ham qila olmaydilar. Koʻplarining fikricha nikoh jinsiy aloqaga ruxsatdan iboratdir. Jinsiy aloqaning ijozat etilgan va man qilingan jihatlari mavjudligini bilmaydilar, tarbiya beruvchi otalari ham bundan bexabar boʻlsalar ehtimol. Xabardor boʻlgan taqdirlarida ham oʻgʻil bilan bu mavzuda suhbat qurish odati bizlarda yoʻqkim, bu afsusli holdir. Islom ilmidan oz boʻlsa-da xabari bor domla nikoh chogʻida Qur'on oyatlari asosida bu xususda ma’lumot berib qoʻyishi shart deb oʻylaymiz. Chunki gʻarbning behayo filʼmlarini koʻrayotgan yoshlarning ayrimlari jufti halollaridan oʻsha kinoda koʻrganlariga oʻxshash aloqani talab qiladilar. Bunday aloqani oʻzi uchun sharmandalik deb bilgan kelinlarning uylariga qaytib ketib qolish holatlari ham uchrab turibdi. Ketib qolmagan taqdirlarida ham, kuyov bolaning tashqaridan nafsini qondirishga urinishi boshlanib qolyapti. Bizning yosh oilalarimizga gʻarb shunday balolar daf qilyaptiki, biz kattalar gʻofil boʻlmaylik. Bu oʻrinda, otaning oʻgʻliga nasihati muhim. Shu bois, azizlar, bu mavzuda soʻz ochish uyat yoki odobdan emas, degan istiholaga bormang. Toʻgʻri, siz daf'atan “sen shunday behayolik qilayotgan emishsan”, deya olmaysiz. Bunga asosingiz yoʻq. Keliningiz hech qachon sizga shikoyat qilmaydi. Agar shunday holatlar yuz berayotgan boʻlsa u onasiga aytishi va qudalar orqali ma’lum boʻlishi mumkin. Lekin bunday hodisa yuz berishini kutib oʻtirish shart emas. Oʻgʻlingiz bunday

behayolikdan uzoq boʻlsa ham, umumiy tarzda “ba’zilar kinoda koʻrganlarini xotinidan talab qilar ekan, bu gunoh hisoblanadi” qabilida, eslatma tarzida aytib qoʻyilsa zarar qilmaydi.

Nikoh oʻqiyotgan domlamiz yoshlarga taloqning ma’nosini ham anglatib qoʻyishlari kerak. Koʻpchilik taloqning ma’nosini bilmay yashaydi va kunlarning birida gʻazablanib “uch taloqsan!” deb yuboradi. Shu bir ogʻiz hukm bilan oila buziladi. Keyin yarashmoqchi boʻlib borishsa, domlamiz “uch taloq” qayta nikohlanmaydi, deb qattiq turib oladilar. Bu masalada ozgina mulohazamiz bor: bu oila shar'iy hukmlar asosida yashamadi, shariat nimaligini bilmaydi, shuning barobarida er ham xotin ham taloq tushunchasidan bexabar. Erning bilgani: “uch taloqsan, uyingga joʻna!” Xotin ham bitta boʻgʻchasini tugib, bolasini yetaklab yigʻi-sigʻi bilan otasinikiga qaytaveradi. Ularda “idda”, “mahr” degan tushuncha ham yoʻq.

Agar oila buzilsa, birinchi galda xotinni ayblashga koʻnikib qolganmiz. Qaysidir birodarimizning ajralishganini eshitsak, “xotini yomondirda” deb qoʻyamiz. Kamdan-kam hollarda “oʻzi yomonda” deymiz. Oila buzila boshlayotganini eshitsak “er-xotinning orasiga ahmoq odam tushadi”, deb oʻzimizni olib qochamiz. Bu ta’nani nooʻrin deb bilasizmi? Unda eslab koʻraylik-chi, qaysi oilani oʻnglab qoʻyishga harakat qildik? “Battar boʻlmaydimi!” deb ba’zan shu toʻxtamga ham kelamiz. Axloqqa doir koʻp kitoblar koʻrishga toʻgʻri keldi.

Oilaning buzilishi masalasi koʻrilganda ularda ham asosiy ayb xotinlar zimmasiga yuklanadi. Nahotki erkaklar farishta kabi beayb boʻlsalar? Kunda mast-alast yursa ham er “yaxshi”. Xotinini doʻpposlasa ham er “yaxshi” -xotin yaxshi boʻlsa kaltak yermidi! Xotini topib kelganini sovursa ham er “yaxshi”. Yaxshi... yaxshi... ming marta yaxshi! Hatto oilasiga xiyonat qilib zino ustida qoʻlga tushsa ham er “yaxshi”. “Ha, endi yigitchilikda shunaqa shoʻxlik boʻlib turadi-da!” deb qoʻya qolamiz. Hech mahal “Alloh zinoni harom qilgan edi, bu gunohi uchun toshboʻron qilinishi kerak” demaymiz.

Islomda erkakning zimmasiga moddiy ta’minot va jismoniy himoyadan tashqari xotiniga adolatli boʻlish, uning haqqiga rioya qilish mas'uliyati yuklangan. Xotin kechki ovqatni pishirib qoʻyib, erning kelishini kutadi, er ishi koʻpligi bahona, buzuqlikda yurmasa ham, oshnalari bilan choyxonada palovxontoʻra bilan tillashadilar. Nima deymiz, bu adolatdanmi? Er oilada hukmron ekanligini yaxshi anglaydi, hukmron martabasida turib xotiniga faqat qoʻpol muomala qiladi. Xotinning shirin soʻz eshitishga haqqi yoʻqmi? Nima boʻlganda ham “Qars ikki qoʻldan chiqadi” degan gap bor. Agar oila buzilish jari yoqasiga kelib qolsa, aybni har ikki tomondan izlash kerak. Shunda oilani saqlab qolish imkoni kengayadi. Agar ayb bir tomonga agʻdarilaversa, tarozining bir pallasi dosh berolmay qolishi mumkin.

Alloh taborak va taolo marhamat qiladi: “Agar biron ayol eri tomonidan koʻngilsizlik yoki yuz oʻgirib ketish sodir boʻlishidan qoʻrqsa, u holda ikkovi oʻzaro bir sulhga kelishib olishsa (ya’ni ayol erining holi va xohishiga qarab oʻzi uchun erga malol keladigan darajada nafaqa talab qilmasa, shu bilan barobar er ham xotinni tashlamaslikka, unga zulm qilmaslikka rozi boʻlsa) zararsizdir. Sulh (ajralib ketishdan) yaxshiroqdir. Nafslar qizgʻanishga hoziru nozir boʻlib turadilar. Agar (ayollaringizga) chiroyli muomala qilsangizlar va Allohdan qoʻrqsangizlar (oʻzingizga yaxshidir). Zero, Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardor boʻlgan Zotdir”. Oyatni durustroq fahm etmogʻimiz uchun ulamoning tafsirlariga murojaat qilishga toʻgʻri keladi:

Ma’lumki, turli sabablarga koʻra erda xotiniga nisbatan nafrat paydo boʻlishi mumkin. Natijada er xotinidan ajralmoqchi yoki undan yuz oʻgirib, taloq ham qilmay, muomala ham qilmay tashlab qoʻymoqchi. Xotin eridan ajrashni xohlamasa, yarashishga urinadi. Erning nafratiga yoki yuz oʻgirishiga sabab boʻlgan ishlarni bartaraf etish bilan uni rozi qilib, ajralmay qolishga tirishadi.

Misol uchun, hatto oʻz qonuniy haqqi boʻlmish mahrning hammasidan yoki bir qismidan voz kechib yuborishi mumkin. Nafaqa bermasang ham mayli, yoki ozroq nafaqa bersang ham taloq qilmasang boʻldi, deyishi mumkin. Shunga oʻxshash holatga qarab turli taklif va murosalar bilan sulh tuzib ajralmay qolishda gunoh yoʻq ekan. Shuning uchun ham oyatning davomida: “Sulh yaxshidir”, deyilmoqda. (Bu tafsir shariat hukmi boʻyicha yashaydigan oilalarga xos. Bugungi kunda mahr nima, nafaqa nimaligini bilmay yashayotganlar nima qilishlari kerak? Oraga sovuqchilik tushishiga sabab boʻlgan holatni aniqlab, muolaja qilishdan boshqa choralari yoʻq. Bunaqa paytda koʻproq ayol kishining yon bosishi lozim boʻladi.)

Islomda turli usullarni qoʻllab oilani saqlab qolishga harakat qilinadi. Ushbu choralar ham mazkur ragʻbatdan kelib chiqqan. Oyatning davomida nafslarning qizgʻanishga hoziru nozir ekanliklari ta’kid etilmoqda. Ya’ni inson tabiatida qizgʻanishga moyillik mavjud. Odam molu mulkni, chiroyli narsalarni yoki mansabni qizgʻanadi. Ana shu tabiiy hol e’tiborga olinsa, xotin tomondan taklif qilingan molu mulk yoki ayrim qulayliklar erdagi qizgʻanish tabiatini qoʻzgʻab, ajralmay qolishga undashi mumkin. Lekin insoniy aloqalar faqat molu mulk yoki ba’zi bir manfaatlar asosidagina qurilmaydi. Balki yaxshilik, savob ishlar qilish kabi holatlar ham koʻp. Jumladan, xotinidan nafratlanib, uni taloq qilmoqchi boʻlgan yoki yuz oʻgirib tek tashlab qoʻymoqchi boʻlgan erkak shu xotinning ajralish istagi yoʻqligini bilgach, unga yaxshilik qilib, taqvo yuzasidan oʻzi bilan olib qolsa, yaxshi boʻladi. Alloh unga ajr va savob beradi.

Har narsaning me’yori boʻlganidek, erni mol-mulk bilan ushlab turishning ham chegarasi bor. Agar xotin badavlat oiladan boʻlsa-yu, har janjalda kuyov bolaning koʻnglini ovlash uchun biron nima sovgʻa qilib turilsa: bir safar uy, keyin avtomashina... Ayrim bemorlar bir xil dorini ichaverishsa, avvaliga shifo bergan shu dori oqibat ta’sir etmay qoʻyadi. Mol-mulk bilan koʻngil ovlash ham shunday boʻladi. Yoki kuyov bola qimmatbaho sovgʻalarga oʻrganib, kanaga oʻxshab qolishi mumkin.

Hazrati shayx Hotami Asomning xotinlari ham soliha va karomati zohir ayol edilar. Bir kuni Hotam hazratlari gʻazotga ketmoqchi boʻlib, ayollariga:
-Men toʻrt oylik safarga ketgayman, shu toʻrt oylik muddatga qancha nafaqa istaysan? - deb soʻradilar.
-Tirik qolishimga yetgulik nafaqa qoldiring, - dedilar ayollari.
-Tirikliging va oʻliming mening qoʻlimda emas, Haq taoloning izmidadir.
-Unday boʻlsa, mening rizqim ham sizning qoʻlingizda emas, janobi Haqning izmidadir.

Hotam hazratlari bu javobni xush koʻrdilar va ahli ayollarini duo qildilar. Qoʻshni xotinlar kelib “Eringizdan nechun nafaqa soʻramadingiz?” deb ajablandilar. Javoban dedilarkim: “Ul ham men kabi rizq yeguvchidir, berguvchi emasdir”.

Er-xotinlik oʻrtasida Alloh huzuridagi tenglik shunday boʻladi. Buni anglagan oilaga buzilish xavf solmaydi. Er oʻz mas'uliyatiga, xotin oʻz mas'uliyatiga teng javobgarligini his etish kerak. Teng huquqlilik shundan iborat. Er bilan teppa-teng gap talashish, teppa-teng olishish - tenghuquqlilik emas, nodonlik. Yengil vazndagi bokschi hech mahal ogʻir vazndagi bokschi bilan olishmaydi. Oilada ham mana shu qoidaga amal qilinsa yaxshi.

Nikoh er va xotinning hayotda sherik boʻlishlari xususidagi ahd-paymondir. Ahd-paymon va sheriklik turli soha vakillarida ham uchraydi. Aytaylik, hunarmandchilikda, tijoratda, ziroatda... Agar sheriklar ahdlariga vafo qilsalar xayrli ne’matlarga ega boʻladilar. Oraga xiyonat, gʻaraz yoki tama’ aralashsa ishlaridan baraka ketadi. Har ikki tomon ham zarar koʻradi. Nikoh bilan bogʻlangan oila ham shunga oʻxshashdir. Er ham, xotin ham ahdiga vafo qilsa oilada baraka boʻladi va bunday oilani biz “farishtali xonadon” deb sifatlaymiz. Urush-janjaldan boʻshamagan oilani esa “shayton vasvasasidagi xonadon”, deb ta’riflaymiz. Agar oiladagi nafrat oʻti mehr va muhabbat gulini soʻndiradigan darajaga yetsa nikoh - dastlabki ahd-paymon bekor qilinadi va bu bitim shariat tilida “taloq” deb ataladi. Taloq xususida qisman soʻzlagan edik, yana mavzuga qaytishga hojat sezildi. Toʻgʻri, oiladagi janjal toqat qilib boʻlmas darajaga yetgandan soʻng orada taloq boʻlmasa erning ham xotinning ham butun umri gʻam va qaygʻuga sarf boʻlib qoladi. Islom dinimizda taloq er va xotinni shunday balodan asrash uchun qoʻllaniladi. Ba’zan shunday boʻladi: xotinning niyati yaxshi. Nodonligi yoki tajribasizligi, qaysarligi yoki uquvsizligi tufayli uy ishlaridami yo bola tarbiyasidami yoki eriga munosabatidami xato-kamchiliklarga yoʻl qoʻyadi. Bunday ayollarni kechirish, ularga marhamat koʻrsatish kerak boʻladi. Lekin xotin eriga adovat va xusumatini doimiy ravishda kuchaytirib boraversa-chi? Bu holatda ham darrov taloq berilmaydi. Bu xususda Alloh buyuradiki: “...avvalo ularga pand-nasihat qilinglar, soʻng (ya’ni nasihat kor qilmasa) ularni yotoqlarda tark qilingiz (ular bilan bir joyda yotmang, yaqinlashmang) soʻngra (shunda ham sizga boʻysunmasalar) uringlar! Ammo sizga itoat etsalar ularga qarshi boshqa yoʻl axtarmanglar. Albatta Alloh eng Yuksak va Buyuk Zotdir” (Niso surasidan). Endi mazkur oyat magʻzini tushunishga urinib koʻraylik: demak, xotin tomonidan oilaning yo er-xotinning tinch-totuvligiga rahna soladigan biron holat sodir boʻlsa, erning vazifasi birinchi galda nasihat qilib, toʻgʻri yoʻlga da’vat etishi lozim ekan. Ayollarning koʻngillari tabiatan yumshoq va ehtirosli boʻladi. Koʻpincha ma’qul soʻzlar va doʻstona oʻgitlardan ayollar ta’sirlanib, yomon ishlardan va amallaridan qaytadilar. Lekin nasihatlar foyda bermasa-chi? Unda jazo sifatida oʻrnini boshqa qilib, unga ikki-uch kecha yaqinlashmaydi va shu harakati bilan qattiq noroziligini bildiradi.

Aqli bor xotin bu holatni qat'iy ogohlantirish oʻrnida qabul qiladi. Chunki ikki-uch kun oʻrnini boʻlak qilgan er, oqibatda butunlay ajrashib ketishi ham mumkin. Demak, bu oddiy araz emas, ajralish ehtimolidan ogohlantirish. Endi dili qotib qolgan ayolga bu vosita ham ta’sir etmadi. U vaqtda xotinni qattiq ozor bermaslik sharti bilan urish joizdir. Har kim anglashi zarurki, xotin rohatlanish uchun urilmaydi, balki uni toʻgʻri yoʻlga solish maqsadidagina qoʻl koʻtarishga ijozat beriladi. Lekin tabiiyki, erga itoat etishni oʻzi uchun burch deb bilgan ayol va oʻzidan Qudratli Zot -Alloh koʻrib turganiga iymoni komil boʻlgan er bu oxirgi choraga yetib kelmaydilar. “Urib, dabdala qilaman”, degan fikrdan er nari boʻlishi kerak. Unga hech kim xotinini dabdala qilishga ijozat bermagan. (Xotinni urish faqat bizda emas, taraqqiy etgan mamlakatlarda ham bor ekan. Yaqinda Yevropaning bir necha mamlakatida xotinini urganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortish haqida qonunlar qabul qilindi.) Paygʻambarimizdan (s.a.v.) hadisdirki: “Agarda xotinlaringiz shar'iy va savob ishlarda sizlarga boʻysunmasalar, ularni majruh qilmasdan va koʻkartirmasdan, qattiq ozor bermasdan uringlar”.

Xotin bu choralardan keyin bema’ni harakatidan tiyilsa, er boshqa bahona qidirmasdan haddidan oshmasligi kerak boʻladi. Erkak boʻlganidan magʻrurlanib, asossiz gumonlarga borib, ayoliga zulm va jafo qilishi man etiladi. Asossiz jafo qilar ekan, jabr chekkan ayolning oʻchini Alloh oladi. Ba’zi birodarlarimiz xotinlarini tez-tez uradilar va bu harakatlarini oyat hukmi bilan izohlaydilar. Oʻtmishda ham shunday holatlar uchrab turgan ekan. Ustoz Abdurauf Fitrat bu haqda 1914 yilda shunday yozgan ekanlar:

“Niso surasidagi oʻttiz toʻrtinchi va oʻttiz beshinchi oyatlar tarjimasi va izohi bilan mashgʻul boʻlib oʻtirganimda bir doʻstim muloqot uchun keldi. Men shu mavzuda muloqot qilmoqni orziqib kutar edim. Shu masalani uning huzurida bayon qilib, oyatni oʻqib berdim. U kulib aytdi: “Ey Abdurauf, xotinlarni urish va haqoratlash biz buxoroliklarni umumiy odatlarimizdir. Lekin bugungacha bu yaramas harakatimiz shariatga muvofiq ekanini bilmasdik. Shukrkim, bugun sen buning mumkin ekanini tushuntirding. Insha Alloh bundan keyin xotinlarimizni koʻproq va yaxshiroq uramiz”. Dedim: “Azizim! Masalani toʻgʻri tushuntira olmadim shekilli!? Islom dini ayolllarni urishni man qiladi, balki erkaklarga xotinlaringizga marhamat va murosayu madora qilib, hurmat qilinglar deb amr qilgan. Yuqorida men bu masalani bayon qilgan edim. Lekin senga bayon qilgan bu masala alohidadir. Faraz qilaylikki, bir yomon xislatli va badaxloq ayol bor. Bechora er xotinining unga adovati borligini bilib, uning halovatini buzayotganini tushuntiradi. Xotin quloq solmaydi. Ikki-uch kun xotinidan uzoqlashadi. Xotin shunda ham xulosa chiqara olmaydi. Shunda siz ham bilasizki, erning xotiniga taloq berishdan boshqa iloji qolmaydi. Biroq Islom dini taloqni man qilmoqchi boʻlib, erga: “Taloq berishga shoshilmagin”, deb amr qiladi. Xotinning a’zolarini mayib qilmay va lat bermay uni ozgina urgin, zora yomon ishdan tavba qilsa va munosabati oʻzgarsa. Mening izohimdan bildingki, Qur'on hukmi maslahat yuzasidan boʻlib, ahli Islom oilalari uchun, xususan, musulmon ayollariga buyuk marhamatdir”. Men bu shaxsiy suhbatni shuning uchun yozdimki, boshqalar ham mening bayonotimni shu doʻstimga oʻxshab tushunib, xotinlarini urish uchun bahona qilib olmasinlar”.

Toʻqson yil avval bayon etilgan bu fikr haligacha qadrini yoʻqotmagan va Qur'on hukmini notoʻgʻri anglab yurgan birodarlarimizga hali ham ibratdir.

Er oilani saqlab qolishning barcha choralarini koʻrdi, ammo foydasi boʻlmadi, birga yashashning sira iloji qolmadi. U holda, nachora, ajralishsin, taloqqa ruxsat beriladi. “Agarda er-xotin tinchlik va rozilik bilan ajrashsalar, Alloh keng marhamati va karami bilan ularni bir-biridan behojat qiladi” (Niso surasidan). Ammo zaruratsiz, balki nafs havosining taqozosi bilan taloq berilsa, albatta gunoh va haromdir, gunohkor jazosini oladi. Demak, taloqqa ijozat bor. Lekin Islom dinimizda xush yoqmaydigan muboh (mumkin) amallardan hisoblanadi. Bu haqda Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilingan hadisda Nabiy (s.a.v.) marhamat qiladilar: “Alloh oldida eng yomon muboh - taloqdir”.

Ba’zan oiladagi yomon sharoit, erning zulmi va boshqa qabih odatlari xotinning sillasini quritadi va uning oʻzi eridan taloq talab qiladi. Bu jarayon tez boʻlmaydi. Har qanday ayol avvaliga sabr qiladi. Ehtimol yillar boʻyi bardosh berar. Oxiri sabr-bardosh toʻgʻoni oʻpirilish darajasiga kelgach, taloq soʻraydi. Lekin uning talablari ham asosli boʻlishi kerak. Birorta mish-mish yoki gumonlarga ishonib yoki boshqa erkakka koʻngil qoʻygani sababli oʻz eri bilan ajrashni qasd qilmasligi kerak. Bu xususda sahoba Suhbon (r.a.) rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz alayhissalom marhamat qiladilar: “Qaysi xotin bezarurat va ehtiyojsiz eridan taloq talab qilsa, jannat va Allohning rahmati unga tegmaydi”.

Ayrim singillarimiz ota-onalarining xohishi bilan oʻzlari koʻngil qoʻymagan yigitga turmushga chiqadilar. Oilada keyinroq boshlanadigan kelishmovchiliklar zaminida xotinning aynan shu koʻngilsizligi yotadi. Ayrim ayolllar shu koʻngilsizlik sababli xiyonat koʻchasiga ham kirib qoladilar. Ana shundaylarga soliha bir ayolning gaplarini eslatmoqchimiz: hakimlardan biri yosh va goʻzal bir ayolni imtihon etish uchun bunday debdilar:
-Senday goʻzal bir ayolning shunday xunuk eri boʻlishi yaxshi emas.

Bu goʻzalning eri chindan ham xunuk, bu ham kamlik qilganday hamisha kir yuradigan, noxush odam edi. Goʻzal xotin ulamoning gapiga bu goʻzal javobni berdi:
-Ey Hakim! Siz koʻp yanglish soʻzladingiz! Gapingiz toʻgʻri emas. Bunday soʻzlarni sizday odamdan eshitib koʻp ranjidim. Chunki erimning Alloh taolo oldida bir savobi borligidan boʻlsa kerak, meni ul savobga nisbatan bir mukofot oʻlaroq nasib etgandir. Balki men biror ish qilgan boʻlishim mumkin. Haq taolo bu gunohimning jazosi sifatida meni unga bergandir. Janobi Haqning bergan taqdiriga rozi boʻlish kerak.

Bu javobdan mamnun boʻlgan ul olim goʻzal ayolga debdi:
-Bolajonim, men seni dindor va aqlli bir ayol ekanligingni sezgan edim. Shuning uchun imtihon qilib koʻrayin, degan edim. Qizim, ayollarda jannatga kirish uchun eng buyuk nishon -alomat erlarining yomon fe’llariga sabr qilmoqdir. Bu sabr ularni jannatga olib boradi. Jannati soliha ayolning nishoni va alomati eriga itoat etmogʻi, erining xotirini xush tutishi, eri yoʻqligida xayr-duo etmogʻi va erining mol-mulkini saqlab, ehtiyot qilmogʻi kabi

xususiyatlardan iboratdir. Mening bu aytganlarim soliha ayolning jannatga kirishi uchun bir nishondir.

Har kishining ayoli shunday soliha boʻlishini Alloh nasib etsin. Er qadrini bilmaydigan jahannami xotinlarga Alloh insof-tavfiq bersin!

Er-xotinning ajrashi birgina oilaga xos masala emas. Oilaning buzilishiga jamiyat befarq qarab turolmaydi. Har tomondan oilani saqlab qolishga urinishlar boʻladi. Shu oʻrinda er-xotinning janjalidan oʻzlarini olib qochuvchi birodarlarimizga ham Allohning amrini eslatib oʻtishimiz joiz: “Agar er-xotinning oralari buzilib ketishidan qoʻrqsangizlar, erning urugʻ-aymogʻidan bir hakam, xotinning urugʻ-aymogʻidan bir hakam chaqiringiz. Agar ular isloh qilishni istasalar, Alloh er-xotin orasiga ittifoqlikni solur. Albatta Alloh Bilguvchi va Xabardor Zotdir” (Niso surasidan). Bu oyati karimada gap ham er, ham xotin tomonidan kelishmovchilik chiqqan paytida koʻriladigan chora haqida ketyapti. Shunday holat yuzaga keldiki, endi oilaning sirini tashqariga chiqarmasdan hal etishning iloji yoʻq. Endi boshqalarning aralashuvi bilan oilani saqlab qolish choralari koʻrilishi shart. Er oʻzi rozi boʻlgan qarindosh-laridan, xotin ham oʻzi rozi boʻlgan qarindoshlaridan hakam tayin etadi. Agar oila hali yosh boʻlsa, bu vazifani ota-onalar bajarishadi. Mufassirlar bu oʻrinda “oʻzi rozi boʻlgan” deb alohida ta’kid etishadi. Bunga sabab ular tayin etgan hakamlar da’volarni eshitib, shunchaki nasihat qilib qoʻyish bilan cheklanishmaydi. Ular hukm ham chiqaradilar va er ham xotin ham ularning hukmiga rozi boʻlishlari kerak. Hakamlar tanlanganida aqllari, turmushning pastu balandidan oʻtib kelgan tajribalari inobatga olinadi. Eng muhimi har ikki tomonning hakami Allohdan qoʻrqqan holda adolatli hukm chiqarishga harakat qilishlari kerak boʻladi. Agar oʻrtada taqvo boʻlmasa, ikki tomon oʻzi tomonga ogʻib ketaversa, unda adolat qaror topa olmaydi.

Bu oʻrinda taqvo adolatni yuzaga chiqaruvchi muhim omildir. Hakamlarning asosiy vazifasi eru xotin orasini isloh qilishdir. Shuning uchun ham oyati karimada “agar ular isloh qilishni istasalar”, deb ularga islohchilik nisbati berilyapti. Ayrim ulamo “Hakamlarga faqat yarashtirish - isloh huquqi berilgan”, deydilar. Yana ayrimlari “Isloh qilishning iloji yoʻqligiga amin boʻlishsa, eru xotinni ajratib qoʻysalar ham haqlari bor, shuningdek, ular tegishli jazo choralarini, molu mulkka oid masalalarni ham hal qilishadi”, deydilar. Albatta, hakamlar oʻzlarining insoniy cheklangan ilmlari va imkoniyatlari doirasida hukm chiqaradilar. Hakamlikka nomzod moʻljallaganda bular ham e’tiborga olinmogʻi shart. Er yoki xotin tomon hakamlikka qarindoshlaridan birlarini tanlashgach, unga ajralishga sabab boʻlayotgan hodisa yoki gapni bayon qila boshlaydilar. Shubhasizki, magʻzava qarshi tomonga agʻdariladi. Hakamlarni qiyin ahvolga solib qoʻyadigan holat ham aynan shunda. Hakam donishmand boʻlsa, aytilganlarning magʻzini chaqib koʻradi, mantiq tarozisiga solib chamalaydi. Aravani quruq olib qochadiganlardan boʻlsa, qarshi tomonni ayblashdan boʻshamaydi. Ba’zan bir-biriga mutlaqo zid ravishda fikrlaydigan hakamlar uchrashib qoladilarki, yarashishga umid qilib oʻtirgan er-xotin oqibatda tamoman teskari boʻlib ketadilar. Shunday voqealardan biri: yosh oila yarim yil ichida buzilish jari yoqasiga kelib qoldi. Kuyov bola ajralishga asosiy sabab deb kelinning kiyinish madaniyatini koʻrsatadi. Ya’ni kelin shim kiyarkan, erning hijobga kirish haqidagi talabini rad etarkan. Bir qaraganda talab toʻgʻri. Xotin er xohlaganday kiyinib yurishi kerak. Chunki xotin birinchi galda eriga chiroyli va yoqimli koʻrinish harakatida boʻlishi kerak. Bizda koʻpincha teskari holat kuzatiladi: ayollarimiz uyda oʻzlariga qaramaydilar, koʻchaga chiqadigan boʻlsalar pardoz-andozni boshlab yuboradilar. Xullas, yigit tomon uning talablarini mutlaqo haq deb turishibdi. Kelin tomondan tayinlangan hakam ellik yoshlardagi gapga chechan ayol zamonaviy tarzda kiyingan. Yoshiga yarashmasa ham shim kiygan, boshda roʻmol yoʻq. U shubhasizki, oʻz dunyoqarashi asosida kelinni himoya qiladi. Kuyov tomonni feodallikda ayblaydi. “Shu qiz birinchi uchrashuvga chiqqanida ham shim kiyib olgan edi, oʻshanda nima uchun indamadingiz?” deb kuyovga savol beradi. Kuyov “keyinroq toʻgʻri yoʻlga solib olishga umid qilganini” aytadi. Durust, kuyovning shunday yaxshi niyati bor ekan. Ammo bir odamni oʻzgartirish uchun yarim yil kifoya qilarmikin? Kelin hijobga kirishi uchun avval Islomni oʻrgana boshlashi kerak. Talablarini bilib, unga koʻnika borishi kerak. Soʻfiy Ollohyor aytmoqchi:

Zamona xotununi yoʻlga solmoq

Erur oson ul ishdin jang qilmoq...

Deyilmoqchikim, bu zamonda xotinlarni toʻgʻri yoʻlga solmoq bir qal'ani jang qilib olmoqdan mushkuldir.

Bu sharoitdagi ikki hakam goʻyo suv bilan olov kabi edi. Er-xotin chetda qolib ular oʻzaro dahanaki jangni boshlab yuborishdi. Bu jangda hech kim gʻolib kelmadi, oila barbod boʻldi xalos. Demoqchimizki, hakamlikka gapga chechanlarni emas, sermulohaza, dono odamlarni tanlash kerak. Shu xususda yana bir voqea: er xotinini buzuqlikda ayblab ajrashmoqchi. Islomda shunchaki birovning gapi yoki gumon bilan oʻz ayolini bunday ayblash mumkin emas. Guvohlar bilan zino ustida ushlasagina da’vosi oʻrinli boʻladi. Ajrashmoqchi boʻlayotgan er ayblaydi, xotini bu aybni rad etib, qasam ichadi, ayni choqda erini tuhmatda ayblaydi. Hakamlar ishtirokidagi munozara

uzoq davom etadi. Shunda mahallaning dono oqsoqoli hisoblangan hakamlardan biri erni tashqariga imlab chaqiradi-da, nimadir deydi. Er tashqarida bir oz oʻylanib turgach, iziga qaytib, xotini bilan yarashajagini ma’lum qiladi. Bu hol koʻpchilikni ajablantiradi, oqsoqoldan “yigitga nima devdingiz?” deb qiziqishadi. Ammo oqsoqol oradagi sirni ochmaydi. Oradan koʻp yillar oʻtdi, oila tinch-totuv yashadi, farzandlar koʻrdi. Toʻylar qilishdi.

Ajrashmoqchi boʻlgan oʻsha er avtomobil halokatida jon bergandan keyin, bir kuni otaxon menga sirni ochdilar. Erni fikrdan qaytargan gap bunday ekan: “Oʻgʻlim, bu xotinni qoʻysang, endi baribir senga bokira qiz tegmaydi. Bitta yoki ikkita erdan chiqqan xotinga uylanasan. Ehtimol, sen uylanadigan xotin eridan chiqqanidan keyin chakki yurib, yana qancha erkaklarni koʻrgandir. Sen “xotinim bitta odam bilan yuradi”, deb gumon qilyapsan. Gumoning toʻgʻri chiqqanda ham shu xotining keyin keladiganidan pokizaroq boʻlib chiqadi-ku? Undan koʻra gumonni boshingdan chiqarib tashla. Xotiningning chin soʻziga ishon. Xudo ham shunga buyuradi”. Otaxonning donoligi shundaki, bu gapni koʻpchilikning orasida aytganida er quloq solmagan boʻlardi. Aksincha “Hali qarab turasiz, onasi oʻpmagan qizga uylanaman!” deb koʻkragiga urgan boʻlardi.

Albatta har bir oilada oʻzaro rashk boʻladi. Aslida rashkning boʻlgani ham yaxshi. Chunki ulugʻlarimizdan Soʻfiy Ollohyor aytmoqchi:

Jami' jonvorlar tushsa koʻzga

Hamiyyatlik boʻlur toʻngʻizdin oʻzga.

Deyilmoqchikim, barcha hayvonlarda ham rashk bor, faqat toʻngʻizda yoʻq, modasini qizgʻanmaydi.

Taajjub fitnalikdur bu zamona

Tushubdur erlar ahvoli yamona.

Deyilmoqchiki, ajab fitnalar koʻpdir bu zamonda. Erlar oʻzlarini yomon ahvolga solganlar. Ya’ni ularda gʻayrat va rashkdan asar ham qolmay, xotinlarini bozorlarga pardasiz yuborurlar. Xotinini sira rashk qilmaydigan, bila turib begona erkakdan qizgʻanmaydigan erni dayus deydilar. Boshqacha aytsak, oʻz xotiniga qoʻshmachilik qiluvchi erkak dayusdir. Sevikli Paygʻambarimiz (s.a.v.) jannatga kirmaydigan uch toifadan biri, deb aynan shu dayusni, bilib turib xotinini yomon yoʻlga kirishiga yoʻl qoʻygan erkakni aytganlar.

Agar rashk butunlay boʻlmasa erkak toʻngʻiztabiatli hisoblanarkan. Yana derlarkim: “Gʻayrat mardin (haqiqiy rashkni) bajo kelturgʻil. Begʻayrat kishini kishi demagʻil. Har kishida gʻayrat boʻlmasa, dini ham boʻlmagʻusidir”. Demak, rashk kerakli fazilat ekan. Biroq, rashk oʻti haddan ziyod alanga olsa illatga aylanadi. Er xotinning yoki xotin erning har bir qadamini kuzataversa orada ishonch yoʻqoladi. Ishonch yoʻqolgan uydan fayz ketadi. Shu tufayli arzimagan narsadan janjal chiqaveradi. “Boshqasini topganga oʻxshaysizda, mening hamma ishlarim koʻzingizga yomon koʻrinib ketyapti”, deydi xotin. “Bitta yarimta xushtoring bormi, pardozlaring boshqacha boʻlib ketyapti”, deydi er. Qarabsizki, yaxshilikka xizmat qilishi kerak boʻlgan rashk oilani buzishga olib keladi.

“Agar sen xotiningga rashklik qilmasang, u senga samimiyat bila munosabatda boʻlur. U senga ota-onang va farzandingdin ham mushfiqroq boʻlur va senga undin doʻstroq kishi topilmas. Agar unga gʻayrat koʻrguzsang, senga ming dushmandin dushmanroq boʻlur va begona dushmandin hazar qilsa boʻlur, lekin undin hazar qilib boʻlmas”. Kaykovusning bu pandi rashkni meyordan oshirib yuboradiganlarga ibrat boʻlishi lozim. Agar er xotiniga rashkni oshirib uni ayblayvermasa, xotin unga oʻz ota-onasidan ham mehribonroq boʻlar ekan. Meyordan oshsa dushmandan ham battarroq dushmanga aylanar ekan.

Bir oilaning buzilishiga sabab boʻlgan voqeani aytib berishgan edi. Uyga erning doʻsti mehmon boʻlib kelgan. Xotin xizmatda. Erning koʻzi poyafzallarga tushadi. Qarasaki, mehmonning tuflisi yonida xotinining kalishi turibdi. Xotinini chaqiradi: “Nega kalishing uning tuflisi yonida turadi?” Xotin, turgan gapki, bunga e’tibor bermagan. Shunda er boshqacharoq da’vo qiladi: “nima uchun sening kalishing uning tuflisiga kulib qarayapti!” Bu holat sizga tentaknamo boʻlib tuyulyapti, a? Albatta bu ahmaqona rashkning koʻrinishi. Shunga oʻxshash voqealar takrorlanavergach, xotin ikki bolasini olib ajralib ketishga majbur boʻldi. Shundan soʻng oʻsha rashkchi yana bir necha marta uylandi. Oxiri ogʻir kasalga chalingach, soʻnggi xotini uni qariyalar uyiga topshiribdi. Bundan xabar topgan oʻgʻillari otalarini uylariga olib kelib tarbiya qilishibdi. Onalari bunga mone’lik qilmabdi. Ikki dunyo saodatiga yetuvchi xotin va farzandlar shunday boʻlishadi!

Oilada doʻstning oʻrni masalasi ham muhimdir. Doʻstlik tarixi er-xotin tarixidan avvalroq boshlangan, ma’lum sinovlardan oʻtgan boʻladi. Ayrim yigitlarning doʻstligi bogʻcha yoshidan boshlangan, ba’zilariniki institutdan. Yigit oila qurgach, doʻstlardan bir oz uzoqlashishi mumkin, ammo butunlay uzilib ketmaydi. Ayrim doʻstlarning toʻydan keyin ham avvalgiday serqatnov boʻlishlarini kuzatamiz. Ayrimlari esa doʻstining ahli ayoliga nomahram ekanliklarini anglab, bu xonadonga tez-tez kelishdan oʻzlarini tiya boshlaydilar. Aqlli doʻst deganda biz shundaylarni tushunamiz. Toʻgʻri, nomahramlik nimaligini bilmaydigan serqatnov doʻst koʻnglida shumlik yoʻqdir, qalbi tozadir. Doʻstining xotinini oʻz singlisiday koʻrar. Ammo orada shayton bor, bu bir. Yana atrofdagilarning turli gumonlarga yoki igʻvolarga asoslangan gap tarqatishlari bor. Ana shu igʻvo gaplar bir kunmas bir kun erga ta’sir qilib, yomon oqibatlarga olib kelishi tabiiy. Doʻstlar birin-ketin oila qura boshlashgach, ayollarini ham yaqinlashtirish maqsadida “ulfat” tashkil qiladilar. Ayrimlar ayollar uchun alohida “ulfat” tashkil etsalar, ba’zilar juft-juft boʻlib oʻtirishni ma’qul koʻradilar. Mana shu ikkinchi holatda koʻp fitnalar tugʻiladi. Ayollar avvalo bir-birlarini sinchkovlik bilan kuzatadilar, shuning barobarida yigitlar ham e’tiborlaridan chetda qolmaydi. Yangi tanishgan yosh juvonlar orasida iboli, hayolilari ham, shoʻx, yoki odobsizlari ham boʻladi. Yigitlar bilan baravar askiya aytishadiganlarni ham uchratamiz. Demak, davrada turli fe’l-atvorli ayollar toʻplanishgan ekan, turli qiliqlar ham yuzaga chiqaveradi. Yigitlar orasida ham doʻstining xotiniga koʻngli sus ketuvchilar topilmaydi, deysizmi? Shunday “ulfatlar” sharofati bilan buzilgan oilalarni kuzatganmiz. Soʻfiy Ollohyor yozadilarkim:

Oʻshal xotunki, nomahram nazardur

Agar shamsu qamardur mochayi xardur.

Deyilmoqchikim: xotin begona erlarga qaraguvchi boʻlsa, garchi oʻzi oydek, quyoshdek goʻzal boʻlsa-da, uni urgʻochi eshak, demoq lozim.

Tilimizda hamonki “yomon xotin” degan ibora mavjud ekan, demak, hayotda ham shundaylari bor ekan. Lekin biz “yomon xulqli xotin” deb izoh bersak toʻgʻriroq boʻlar. Yomon yoki yaxshi xotin degan tushunchalar ham nisbiydir. Ma’lum bir xotin ma’lum oila uchun yomon yoki yaxshi tuyulishi mumkin. Shuning uchun uzil-kesil xulosa chiqarishga shoshilmaslik kerak. Xotinning yomonligi kimlarga nisbatan boʻlishi mumkin?

  • xotin er uchun yomon;

  • xotin qaynona uchun yomon;

  • xotin qoʻshnilar uchun yomon;

  • xotin erning qarindoshlari uchun yomon;

  • xotin hamkasblari uchun yomon.

Nima uchun?

  • erini hurmat qilmaydi, huda-behudaga janjal chiqaradi, rashk qiladi...

  • qaynonasini mensimaydi, aytgan ishlarini vaqtida bajarmaydi, eriga yomonlaydi...

  • qoʻshnilarni gʻiybat qiladi, bir-biriga gap tashiydi, xasislik qiladi...

  • qarindoshlarining mehmon boʻlib kelishini xohlamaydi, ular kelganda terslik qiladi...

  • hamkasblarini gʻiybat qiladi, boshliqqa kirib chaqadi...

Xotin eri bilan chiqishmasligi mumkin, ammo qaynona-qaynotasi, qayinsingillari bilan munosabati yaxshi. Bu masalani hal etish uncha qiyin emasdek tuyuladi. Qaynona-qaynota kelin tomon boʻlib, oʻgʻilni tarbiya etishga urinishadi. Xalqda “Er-xotinning urishi - doka roʻmolning qurishi” degan maqol bor. Lekin ba’zan oʻsha doka roʻmolning qurishi qiyin boʻlib qoladi. Nabiy alayhissalom deydilarkim: “Hech bir moʻmin oʻz xotinidan nafrat qilishi toʻgʻri emas. Zero, xotinining ba’zi odat va atvori uning nazarida yomon koʻrinsa ham, ba’zi odatlaridan rozi boʻladi. Bas, uning yomonliklarini yaxshiliklariga baxshida etsin”.

Agar erning koʻngli koʻchadagi jononda boʻlsa, uni qaytarish ancha qiyin. Xotindan birinchi galda sabr etish talab qilinadi. Er-xotin baxtli yashashlari uchun bitta qoidaga qattiq amal qilishlari kerak. Bu qoidaning nomi - BITTA GAPDAN QOLISh! Ha, aynan shunday. Bitta gapdan qolish bilan olam guliston! Xoʻsh, kim bitta gapdan qolishi kerak? Birinchi galda xotin. Eriga gap qaytarib baxtli boʻlgan xotinni tarixda - ming yillardan beri hech kim uchratmagan, bundan keyin ham uchratmasligi tayin. Er ham bitta gapdan qolishga majbur. Ehtimol, xotin bitta gapdan qolgan mahalda er ikkita, ba’zan uchta gapdan qolsa oʻzi uchun ham yaxshi. Lekin xotin javrayversa-yu, u indamay oʻtiraversa, yaxshilik boʻlmaydi. Vaqti kelganda qaynonalar ham bitta gapdan qolganlari ma’qul, degan fikrimizni opa-singillarimiz ehtimol ma’qullamaslar. Lekin ba’zan murosa qilib, kelishmovchilik choʻgʻini janjal alangasiga aylantirib yubormaslik uchun qaynonalar ham bitta gapdan qolib turganlari durust.

“Onangni otangga bepardoz koʻrsatma”, degan gap bor. Orastalik, oʻziga me’yor qadar zeb berish yaxshi. Biz nima uchundir oʻziga qarab yurishni faqat ayollarga xos, deb bilamiz. Ayrim birodarlarimiz xotini, qizlarini chiroyli kiyintirib qoʻyadilaru oʻzlari oftobda kuyib ketgan doʻppida, yoqasi buralib ketgan kuylakda yuradilar. Bu yoʻqchilikdan emas, koʻproq befarosatlikdan boʻladi. Befarosat deganda biz erni ham, xotinni ham nazarda tutamiz. Er kiyim-boshga e’tiborsiz boʻlsa, xotin ziyrak boʻlishi kerak, eriga qarashi kerak. Shunday rivoyat qiladilar:

Bir kuni hazrat Umarning (r.a.) huzurlariga bir xotin eri bilan boshlashib keldi-da erini koʻrsatib:
-Yo Amiral moʻ'minin! Bu kishi mening erim boʻladilar. U bilan qurgan turmushimizni oʻylab koʻrdim. Uch oydirki, totuv yashash uchun koʻp harakatlar qildim. Ammo erimda ragʻbat

koʻrmadim. Uch oy davomidagi turmushimizdan bir narsaga aqlim yetdi: biz bir-birimizni tushuna olmas ekanmiz, shuning uchun ajrashamiz.

Hazrati Umar (r.a.) qarshisida indamay turgan odamdan soʻradilar:
-Sen nima deysan?
-Yo Amiral moʻ'minin! Mening hech qanday shikoyatim yoʻq. Men ajralishni istamayman, -dedi er.

Hazrati Umar erning rang-roʻyi, kiyim-boshiga qarab ahvolni yaxshi tushundilar.
-Sen hozir uyingga ketgin-da, bir ozdan keyin kelgin. Ungacha biz ering bilan suhbatlashib olamiz.

Xotin ketgach, hazrati Umar u odamni hammomga olib borishni, yuvintirib, toza kiyimlar kiyintirishni buyurdilar. Erkak pokiza bir holga keltirildi. Picha vaqt oʻtgach, xotin kelib bashang kiyimdagi ozoda erini koʻrib quvonib ketdi. U ajrashish haqidagi ahdini ham unutib, erini boshlab uyiga ketdi. Moʻ'minlarning xalifasi hazrati Umar (r.a.) shu yerda hozir boʻlganlarga qarab dedilar:
-Sizlar oilalaringizning (ayollaringizning) yaxshi va pokiza kiyinib, sizni kutib olishlarini sevganingiz kabi, ular ham sizni yaxshi va pokiza kiyinganingizdan zavq oladilar, sizlarni yasangan bir holda koʻrishni istaydilar.

Agar xotin eri bilan yaxshi boʻlib, qaynona bilan chiqishmasa, koʻpincha bu masalani ularning roʻzgʻorini boʻlak qilish, ba’zan esa ularni boshqa uyga koʻchirish orqali hal qilishga urinadilar. Qaynona-kelin munosabati eng chigal ayni paytda mavhum masalalardan biri. Agar ularning da’volarini eshitsak, umumiylikni koʻramiz. Qaynona deydiki: kelin dangasa, ishyoqmas, uyning tozaligiga yaxshi qaramaydi, mugʻombir, onasiga gap tashiydi, kattalarga gap qaytaradi... Kelin deydiki: qaynonam birinchi kundan meni chiqishtirmaydilar, har qadamimni oʻlchaydilar, bir pas dam olishimni ham koʻrolmaydilar, ovqatga tuzni oʻzlari solib, erimning oldida “shoʻr qilib qoʻyibsan”, deb urishadilar... Qaynona-kelin munosabatida bir narsani unutamiz: qaynona bilan kelinning yosh jihatdan kamida yigirma yillik farqi mavjud.

Ba’zi qaynonalar kelinlari bilan urishib qolsalar “Mendan yosh-ku, oʻzimni hurmat qilmasa ham yoshimni hurmat qilmaydimi!” deb noliydilar. Biz farqni faqat yoshda, yillarda koʻramiz. Aslida oradagi yigirma yillik farq - dunyoqarashdagi farq degani. 40-50 yoshdagi ayolning hayot tajribasi oʻziga yarasha dunyoqarashini shakllantirgan. 20 yoshli juvon zamonning ta’sirida bu dunyoqarashni inkor etishi ham mumkin. Bundaylar orasida “qaynonamning fikrlari eskirib qolgan”, degan gaplarni eshitamiz. Bu nuqtada ikki shaxsning toʻqnashuvini shunchaki oilaviy mojaro emas, ijtimoiy masala sifatida oʻrganishimiz va hal etishimiz kerak boʻladi. Bularni biz bedavo dard emas, tuzatish imkoniyatlari mavjud arzimagan kamchiliklar deb qabul qilishimiz kerak. Bu kamchiliklar tufayli oila buzilsa, qaynonani ayblashga haqlimiz. Ba’zan kelin kamchiliklarini tan olib tuzatishga kirishsa ham, qaynona boʻsh kelmaydi, talablarini yanada kuchaytiraveradi. Shu oʻrinda bir fikrimiz borki, buni ham opa-singillarimiz rad etishlari mumkin. Xalqimizda “Qizil oyoq kelib, qizil yuzdan judo qildi”, degan maqol bor. Bu kelin kelib, oʻgʻlimni oʻziniki qilib oldi, degani. Ayrim ayollarda oʻgʻlini qizgʻanish hissi boʻladi. Oʻgʻil uylanib, kelin bilan yotogʻiga kirib ketganidan keyin ona qalbida bir uzilish boʻladi. Ya’ni, hamisha yonida boʻlgan oʻgʻil endi oʻzganing ixtiyorida. Balki shu his onada kelinga nisbatan norozilik uygʻotar? Bu ruhiyat muammosi. Fikrni birdaniga rad etmayligu, oʻylab koʻraylik. Qaynona-kelin muammosini hal etishda shu ruhiy holatni ham nazardan chetda qoldirmaylik. Ayniqsa oʻgʻil farzandlar shu masalada ehtiyot boʻlishlari kerak. Toʻydan keyin onaga boʻlgan e’tiborni zarra qadar ham kamaytirmasliklari shart.

“Koʻcha xandon, uy zindon” degan ta’rifni eshitganmiz. Garchi bu ibora koʻproq erkaklarga nisbatan qoʻllanilsa-da, ba’zan ayollarga nisbatan ham aytish mumkin. Chunki ayrim ayollarga uy zindon, ishxona esa jannatday koʻrinadi. Nega? Ayolning fe’li shundaymi yoki uydagi sharoit chindan ham zindon, ishxonadagisi jannatdaymi? Agar ayolning fe’li koʻchaga moyil boʻlsa, uning tarbiyasi oson kechmaydi. Agar uydagi sharoit yomon boʻlsa, uning muolajasini qilish shart. Xotinning qoʻshni, qarindosh, ishxonadagi holatiga koʻp toʻxtalmaymiz, bu boshqa boblarda alohida oʻrganiladigan masala.

Yomon xulqli xotinning mavjudligi zamonga, jamiyatga ham, xonadonning boy yoki kambagʻalligiga ham qaramaydi. Agar kambagʻallik yomon xotinlarni yuzaga chiqarsa, dunyoni yomon xotinlar bosib ketardi. Holbuki, kambagʻal oilalarda yomon xotinlarni kamroq uchratamiz. Agar oilaning baxtini boylik belgilaganda edi, bironta boy xonadonda oilaviy janjal koʻtarilmas edi. Holbuki, boy xonadonlardagi oilalarning buzilishi koʻproq kuzatilyapti. Bu holat faqat bugungi kunimizga xos emas. Keling, tarixga nazar tashlaylik: Bobur hazratlari “Boburnoma”da Husayn Boyqaroning xotinlari haqida yozadilar: “...avval olgʻon xotuni Beka Sultonbegim edi, Sanjar mirzo Marviyning qizi edi. Badiuzzamon mirzo mundin tugʻib edi. Koʻp kajxulq edi. Sulton Husayn mirzoni koʻp ogʻritur edi. Kajxulqligʻidin mirzo batang keldi, oxir qoʻydi va xalos boʻldi, ne qilsun haq mirzo jonibi edi.

Zani bad dar saroyi nakoʻ

Ham dar in olam ast doʻzaxi oʻ.

(Deyilmoqchikim: yaxshi kishining xonasidagi yomon xotin shu dunyoning oʻzidayoq uning doʻzaxidir.)

Tengri hech bir musulmongʻa bu baloni solmagʻay.

Yomon xoʻyluq, kajxulq xotun ilohiy olamda qolmagʻay”.

Malikaning nima uchun yomon boʻlgani bizga ma’lum emas. Bobur mirzo ham buni boshqalardan eshitib yozgan boʻlsalar ajab emas. Ehtimol, malika erining ketma-ket xotin olaverishidan, bu ham yetmaganday kanizaklar bilan maishat qilaverishidan bezib, janjal qilgandir?.. Mashoyixlar erlarni yomon xotin balosidan bot-bot ogohlantirib kelganlar. Mana, shulardan biri: “...doʻst boʻlmagʻon xotindin qochgʻil, nedinkim, debdurlar: “Kadbonu (ishchan uy bekasi) boʻlmagʻon tezroq band boʻlur, ammo u masobada (holatda) ermak.

Buningdek xotin sening molingni qoʻlingdin olib, soʻngra seni unga molik boʻlurgʻa qoʻymagʻay, undin soʻng sen uning xotini boʻlursan, lekin u senga xotin boʻlmas”.

Soʻfiy Ollohyor ham yomon xotinlar xususida bir qancha bayt aytganlarki, tanishsak zarar qilmas:

Yamon boʻlsa, na’uzu billah andin,

Ziyondin oʻzga hech qolmas yamondin.

Deyilmoqchikim: olgan xotin yomon chiqsa, bu xotin qoʻlidan ziyonu yomonlikdan boʻlak narsa kelmas. Bundayin xotinlar shumligidan Allohga sigʻinib, panoh tilaymiz.

Yamon xotun shayotin qamchisidur,

Qoʻling bogʻlagʻuvchi argʻamchisidur.

Deyilmoqchikim: yomon xotin gunohlar daryosiga choʻktiruvchi (mazkur bayt hadisi sharif asosida aytilgan).

Du olam nari boʻlsa, nari ketsun

Koʻzing koʻrmasa shum diydori bitsun.

Deyilmoqchikim: bu yomon xotin ikki dunyoning doʻzaxidir va uni oʻzingdan nari qil. Bu ikki dunyo tamugʻi ketsin, botsin, bitsin, deya taloq qil.

Agar chandeki, buzurgzodadir ul,

Yaqin bil, toʻrt oyoqliq modadir ul.

Deyilmoqchikim: yomon xotin garchi paygʻambarzoda boʻlsa ham, bilgilki, shu yomonligi uchun toʻrt oyoqli urgʻochi hayvondan boshqa narsa emas.

Ha, olgan xotining johil, xoin chiqsa xotin emas, boshingga balo olgan sanalasan. Bir uyda ayolning ovozi baland chiqsa, ya’ni er soʻzini tinglamasa, unga itoat etmay, gap qaytaraversa, u uyda xayr -yaxshilik boʻlmaydi, bu uydan saodat kutilmaydi, kutilgani bilan yetishib boʻlmaydi.

Xoʻp, yomon xulqli xotinlarga shunchalik nafratimiz bor ekan. Ularga nisbatan eng soʻnggi chora maqolda ham aytilgan: “Qoʻshning yomon boʻlsa - koʻchib qutilasan, xotining yomon boʻlsa -qoʻyib qutilasan”. Bu soʻnggi choradan Alloh asrasin. Yomon xulqli ayollarga xushxulq nasib etsin.

Xudoga shukrkim, yonimizda yomondan koʻra yaxshi ayollar koʻproq. Xoʻsh, kimlarni yaxshi deymiz?

  • olijanob, pokiza va qalbi goʻzallarni;

  • aqlli, qanoatli, iffatli, vafolilarni;

  • barcha harakatlarini oʻylab qiladigan, erining borida ham, yoʻgʻida ham hurmatlab, oʻzini va nomusini saqlaydiganlarni;

  • yaxshi va yomon kunlarda fidokor boʻlishni oʻzlariga shior qilib olganlarni;

  • yuzidan kulgi arimaydigan, tili shirin, qoʻli barakali, qadami qutlugʻ boʻlganlarni...

Yaxshi ayollarga xos fazilatlarni bayon qilib, siz azizlar uchun hech bir yangilik kashf qilganim yoʻq. Bu fazilatlarni oʻzingiz ham yaxshi bilasiz. Lekin men diqqatingizni ikki narsaga qaratmoqchiman: avvalo bu fazilatlar faqat ayollarga xosmi? Erkaklar uchun zarur emasmi? Bizningcha zarur. Ikkinchidan, farzandlarimizni, ayniqsa qizlarimizni bu fazilatlar asosida tarbiya qilyapmizmi?

“Kimning xotini doʻst, mehribon va uyi saranjom-sarishta boʻlsa u kishi haqiqatan baxtiyordir. Agar xotining iffatli, nomusli, ochiq yuzli va shirinsoʻzli boʻlsa, u xoh goʻzal, xoh xunuk boʻlsin, biribir uni sev, yana hurmat qil. Bu soʻzlar yolgʻiz xotinlargagina emas, erkaklarga ham maxsusdir. Er va xotin hamjihat va hamfikr boʻlsalar, ularning koʻzlagan hamma murod va maqsadlari hosil boʻldi, demakdir”, deydilar. Mashoyixlar derlarkim: “Xotin pok nihod (toza tabiatli) va pok dil boʻlsun; kadbonu (ishchan uy bekasi) eriga doʻst boʻlgʻay. Hayoligʻ, taqvodor, tili qisqa, molni yaxshi saqlagʻuvchi boʻlsin. Debdurlarki, yaxshi xotin erning va umrning rohati boʻlur. Agar xotining xoʻbroʻy, mehribon va maqbul boʻlsa ham ixtiyoringni unga butkul bermagʻil va uning hukmi ostigʻa kirmagʻil.

Nedinkim, Iskandarga debdurlar: “Doroning qizin nima uchun olib xotin qilmassan, bagʻoyat xushroʻydir?” Iskandar dedi: “Jahon xalqigʻa gʻolibman, endi bir xotinga magʻlub boʻlsam, koʻp yomon koʻrinur”.

Er soʻziga quloq solgan, Alloh amrini ado etgan xotin faqirni (kambagʻalni) podshoh qiladi. Kimningki koʻngil habibasi boʻlgan ayoli, xonadonining bekasi oʻziga uygʻun va mos boʻlsa, oʻsha odam eng baxtiyor kimsadir. Har kuni tong otgandan to oqshomgacha ishda band, uzun tun bedorlik bilan oʻtsa-yu, ammo yoningda koʻnglingni ovlovchi, senga tasalli beruvchi, qiyinchilik va mashaqqatingga sherik, dardingni oluvchi bir ayol - bekang boʻlsa, bu dunyo tashvishlaridan sira qoʻrqmasang ham boʻlaveradi. Kimningki uyi ma’mur, yostiqdoshi uni jondan sevuchi ekan, demak, Janobi Haq oʻsha quliga rahmat nazari bilan qarayapti ekan. U odam Allohning lutfiga erishgan baxtiyorlardan ekan. Diqqat qilyapsizmi, hayot qonuni asli shu - Allohni, Paygʻambarni tanigan xotin erga itoat etadi, bunday xotin erning boshiga baxt tojini kiydiruvchidir.

Soʻfiy Ollohyor hazratlarining yomon xotinlar haqidagi fikrlari bilan tanishdik, yaxshi xotinlar haqida nima degan ekanlar?

Xush ul zan bilmasa behuda derni,

Suchuk lafzi bilan shod etsa erni.

Deyilmoqchikim: yaxshi xotin behuda soʻzlarni aytishni bilmas. Ammo shirin soʻzlari bilan erini shod qilur.

Agar oʻn yil uyida boʻlmasa un,

Uni chiqmas, ani ayturga bir kun.

Deyilmoqchikim: agar xotin yaxshi boʻlsa, erining uyida oʻn yil davomida un boʻlmasa, birovga hech vaqt un yoʻq, deb un (tovush) chiqarmas, shikoyat qilmas.

Roviylar derlarkim, faqir bir odam uylanib, oʻgʻil farzand koʻrdi. U oʻgʻlini bagʻoyat sevar edi. Bola tish chiqara boshlagach ota nolib qoldi:
-Qara, tishlari chiqib qoldi. Endi ovqat yeyishni xohlaydi. Endi men unga ovqatni qaydan topib kelaman?

Erining aqlini, didini bilgan soliha xotin uni shunday deb yupatdi:
-Ey mening soddaginam, tushunchasi nuqsonli erginam. Siz koʻpam vasvasa qilavermang. Farzandimizga tishni Alloh bergan, unga ovqatni ham Oʻzi beradi. Butun olamga rizq bergan Janobi Haq Qodirdir. Goʻdaklar, chaqaloqlarning ham rizqini beradi. Siz tashvish qilmang!

Chindan ham chaqaloqlarga ona qornida surat va shakl bergan Alloh ularning rizqlarini, umrlarini ham beradir. Agar ayol soliha emas, bu haqiqatdan uzoq boʻlganida edi shaddodlik yoki qoʻpollik bilan “Siz otasiz, topib kelish burchingiz”, deb dilini xira qilishi tayin edi.

Bir choʻponning soliha, farosatli xotiniga hamma havas qilardi. Hamma shu choʻponni “eng baxtli odam” deb ta’riflardi. Qishloqda kimki xotini bilan kelisholmay qolsa: “Bor, choʻponning xotinidan ibrat olib kel”, derdi. Bir kuni xotini bilan janjallashib qolgan qishloq ogʻasi ham shunday dedi. Xotin “Men kimmanu choʻponning xotini kim! Undan nimani oʻrganardim!” dedi. Keyin “bu xotinni hamma maqtaydi bir borib koʻrayinchi”, deb qiziqib yoʻlga chiqdi. Borsa, choʻpon xotini hovlidagi idishda turgan suvdan olib ichayotgan ekan. Qishloq ogʻasining xotini chanqagan edi, “shu suvdan ichayin”, deb soʻradi. “Xoʻp, - dedi choʻpon xotini, -sizga hozir ichkaridan muzday suv olib chiqaman, bu ilib qolgan”.
-Ichkarida muzday suv boʻlsa, oʻzingiz nima uchun bu iligan suvdan ichyapsiz? - deb ajablandi ogʻaning xotini.
-Xonim, erim bu onlarda dalada, jaziramada yuribdilar. Meshlaridagi suv quyosh nurida ilib qolgandir. Erim u yoqda iligan suv ichsalaru men bu yerda muzdek rohatbahsh suv ichsam, mehribon xotinligim qaerda qoldi!

Bunday farosat egasini har bir erkak orzu qiladi. Bu baxtiyorlikdir. Bunday baxt mol-mulk, boylik, davlatmandlik, xonlik, beklik yoki oʻqigan, katta martaba sohibi boʻlish bilan qoʻlga kiritiladigan davlat emas. Ba’zan ikki karra ikkining toʻrtligini bilmaydigan odam ilmli, farosatli, oqila ayolga er boʻladi.

Xuddi shu hikoyadagi choʻpon kabi! Inson mol-mulk topa oladi. Qoʻlidan har narsa keladi. Ammo yaxshi ayol qoʻlda yasab oladigan ne’mat emas. Alloh kimga soliha bir xotin bergan boʻlsa, ul odamga, ul quliga barcha ezguliklarni, xayrli narsalarni oʻzida mujassam qilgan ne’matni berganidir. Agar kimgadir koʻnglidagi bir ayolni bermagan ekan, u qanchalik badavlat boʻlmasin, qanday martabaga erishmasin va maqsadiga yetmasin, bu odam baribir faqir va zavollidir. Chunki uning koʻnglidagi xonimi yoʻqdir. Demoqchimizkim, yaxshi xotinni istagan er avvalo Alloh huzurida bu ne’matga arziydigan solih banda martabasiga yetsin. Oddiy haqiqatni oʻylab koʻraylik: yomonliklari tufayli doʻzaxga loyiq bandasiga Alloh bu dunyoning jannatini ravo koʻrarmikin?

Yaxshi xotinga ega birodarlarimizning ayrimlari ba’zan xotinlarini biron bir davrada maqtab qoʻyadilar. Bilmaydilarki, xotinni maqtash odobdan emas, chunki odatda sotilguvchi narsa maqtaladi. Bir yangi uylangan yigit taqdiridan quvonib, maqtanibdi:
-Amaki, keliningiz shunday nazokatli, farosatliki, siz bilmaysiz.

Amakisi jiyaniga nasihat qilib oʻtirmay, oqshomda mehmon boʻlib borishni tayinlabdi.

Jiyani kelgach, amaki xotiniga tarvuz olib kelishni buyuribdi. Xotin olib kelibdi. Amaki tarvuzni koʻrib: “Bunisi yaxshi emas, boshqasini olib kel”, debdi. Xotin itoat bilan

ikkinchisini olib kelibdi. Shu tarzda erning xohishiga qarab oʻn marta boshqa tarvuzga qatnabdi. Ammo lom-mim demabdi. Jiyanning taklifi bilan ertasiga amaki mehmonga boribdi. Jiyan ham xotiniga tarvuz keltirishni buyuribdi. Birinchi tarvuzni koʻrib: “Bu yaxshi chiqmaydi, boshqasini olib kel”, debdi. Juvon itoat bilan ikkinchi tarvuzni olib kelibdi. Jiyan bundan mamnun boʻlib, amakisiga “koʻrdingizmi!” deganday kulib qarabdi-da, “bu ham boʻlmaydi, boshqasini olib kel”, debdi. Uchinchi tarvuzni ham boʻlmaydiga chiqarib qaytarmoqchi boʻlganida juvon:
-Nima, bir arava tarvuz tushirib qoʻyganmisiz, hali unisini, hali bunisini olib kel, deyaverasiz. Bor-yoʻgʻi uchta tarvuz bor uyda, yoqmasa turingda yaxshisini oʻzingiz tanlab oling. Men tanlashni bilmayman! - deb noroziligin bayon qilibdi.

Shunda amaki jiyaniga degan ekan:
-Koʻrdingmi, bolaginam, sen koʻpam maqtanavermagin. Mening uyimda bir donagina tarvuz bor edi. Xotinim yaxshi fe’lli, farosatli boʻlgani uchun menga e’tiroz bildirmay oʻsha bitta tarvuzni oʻn marta olib keldi. Lekin biron marta itoatsizlik bilan gap qaytarmadi, labini ham burmadi.

Soʻfiy Ollohyor hazratlarining bitiklarini oʻqishni davom ettiramiz:

Sirin fosh aylamas, gar gʻamda boʻlsun,

Agar tang boʻlsa, aytur: “Boʻlsa - boʻlsun”.

Deyilmoqchikim: yaxshi xotin oʻzi alamda boʻlsa ham, erning sirin aslo fosh aylamas. Agar roʻzgʻori tanglikda qolganini birov aytsa, eslatsa ham “boʻlsa boʻlar, ertaga Xudo berib qolar”, deb oʻzga soʻz aytmas. (Bunga ibratli misol tariqasida Ummu Dardoga xos sabrni “Eng yaxshi doʻst” bobida zikr etajakmiz, insha Alloh.)

Agar zanning muningdek boʻlsa xishti,

Ani degil bu dunyoning behishti.

Deyilmoqchikim: agar xotinning sifati yuqorida bayon qilinganidek boʻlsa, ul xotinni bu dunyoning jannati bil.

Ilikka tushsa mundogʻ nozanin gul,

Degil bu sandadur boʻsanda, man - qul.

Deyilmoqchikim: Alloh taolo nasib aylab, shunday xotin qoʻlingga tushsa, nimaiki siring boʻlsa, yashirmay aytishing mumkin va uni quchib, boʻsa olib “qulingman sening” desang ham arziydi.

Bunday fazilatli ayollar har bir erkakning orzusidir. Ayni choqda yaxshi fazilatli erlar har qanday ayolning orzusidir. Ya’ni, aqlli xotinni orzu qilmish erning oʻzi ham aqlli boʻlmogʻi shart.

Vafoni talab qiluvchi erning oʻzi avvalo vafoli boʻlsin. Alloh har bir erkakka oʻziga yarasha qizni nasib etadi. Diqqat qilaylik: aqlli odamga kamdan kam hollarda ahmoq xotin duch keladi. Chunki, aqlli yigit duch kelgan qizga uylanavermaydi. Faqat qosh-koʻzlariga emas, gap-soʻzlariga, odob-axloqiga e’tibor beradi. Er-xotinning aql-zakovati, fe’li, zehni-farosati orasida keskin farq boʻlmasa ularning turmushlari yaxshi kechadi. Bir-birlarini tushunishlari oson boʻladi. Ulugʻlardan shunday pand-nasihat bor: “Xotin olsang ulugʻ salohligʻ (yaxshi) xonadondin xotin talab qilgʻil. Har turlik avboshning qizin olmagʻil, nedinkim, xotinni uyning kadbonligʻi uchun olurlar, shahvat uchun olmaslar. Xotin kamolga yetgʻon, oqila boʻlgʻon, onasining kadbonligʻin (sarishtali uy bekasi ekanligini), otasining kadxudoligʻin (oila xoʻjasi ekanini) koʻrgʻon va bilgʻon boʻlsun. Agar bunday nozanin qoʻlingga tushsa, uni aslo qoʻldin chiqarmagʻil va jahd qilib uni olgʻil”.

Qadim Arabistonda ilmu hikmatda benazir Shan degan bir hakim “oʻzimga oʻxshagan biror bilimdon qiz topilmagunicha uylanmayman”, deb ahd qilgan ekan. Qayliq axtarib mamlakatni kezib chiqsa hamki, oʻziga munosib yor topa olmabdi. Shu niyatda sarson-sargardon yurgan kezlari bir odam unga yoʻlda hamroh boʻlibdi. Shan undan:
-Siz meni koʻtarasizmi yo men sizni koʻtarayinmi? - deb soʻrabdi.
-Ajab betamiz odam ekansiz, - debdi hamrohi achchiqlanib, - oʻzim sallamni zoʻrgʻa koʻtarib yuribmanu, sizni qanaqasiga koʻtaraman?

Shan indamabdi. Bir oz yoʻl yurganlaridan keyin barq urib yashnab turgan bir bugʻdoyzorga yetibdilar. Shan ekinzorga qarab:
-Bu bugʻdoyzorning donini yeb boʻlishdimikan? - deb hamrohiga qarabdi.
-Jinniga oʻxshaysiz-a! Bugʻdoyi pishmagan, oʻrib olinmay turib qanaqasiga yeb boʻladi!

Shan yana indamabdi. Yana bir oz yurishgandan soʻng tobut koʻtarib ketayotganlarga yoʻliqishibdi.
-Bu odam oʻldimikan yo hali ham tirikmikan? - deb Shan hamrohidan soʻrabdi.

Hamrohining battar jahli chiqibdi:
-Umrim bino boʻlib sizga oʻxshagan ahmoqni endi koʻrishim. Qabristonga koʻtarib olib ketilayotgan oʻlikni tirikmi yo oʻlikmi, deb soʻrashingiz aqlli odamning gapi emas. Iltimos, endi gapirmay jim keting. Gapirsangiz koʻnglim ozib ketyapti.

Shunday qilib indamay yuraverishibdi. Manzilga yetishgach, haligi odam “musofirni mehmon qilib ham savob olay, ham boyagi qoʻpolligimni koʻnglidan chiqaray”, deb uyiga taklif qilibdi. U odamning husnu malohatda, aqlu farosatda tengsiz qizi bor ekan. U otasidan “Hamrohingiz kim ekan, yoʻlda nimalarni gaplashib keldingiz?” deb soʻrabdi.
-Ey qizim, bu safar qip-qizil ahmoqqa roʻpara kelib qoldim, - ota shunday deb boʻlib oʻtgan gaplarni soʻzlab beribdi.
-Uning koʻnglini ogʻritib chakki qilibsiz, - debdi qiz.-Sizga aytgan soʻzlari uning juda katta hakim va zoʻr bilimdon ekanidan dalolat beryapti. Birinchi savolining ma’nosi shu: “Yoʻlning zahmatini kamaytirish uchun siz biron narsa soʻzlab berasizmi yo men aytib beraymi?” “Bu yerning gʻallasini yeb boʻlishdimikin?” deb “Bu gʻallani ekkan odam biror sudxoʻrdan qarzdor boʻlishi, uning qistovidan tezroq qutilish maqsadida, bugʻdoyni oʻrishi bilanoq toʻgʻri bozorga borib sotishi mumkin”, degan ma’noni nazarda tutgan. Mulohaza qilib koʻrilsa, bu hol ekin pishishidan oldinroq yeb ketilganday boʻladi. Tobutdagi murdani oʻlikmi yo tirikmi, deb soʻraganining ma’nosi shu: “bu odam oʻlganidan keyin yodgorlik sifatida biror farzand yoki shogird qoldirdimikan, eslashga arzigulik biror xayrli ish qildimikin yohud johil va fosiqligidan, oʻlishi bilanoq hammaning esidan chiqib ketdimikin?” Siz darhol uning huzuriga chiqib, uzr soʻrang, aytgan soʻzlarini sharhlab bering. Aks holda u sizni ahmoq va johil degan qarorga kelishi mumkin.

Shunda ota chiqib qizining aytganlarini bildiribdi. Shan uning sharhini tinglab boʻlgach soʻrabdi:
-Bu sharh sizning tabiatingizga mutlaqo xilof. Yaxshisi bu soʻzlarni kim oʻrgatganini ayting.

Qizning otasi haqiqatni aytishga majbur boʻlgach, Shan shuncha yillardan beri qidirib yurgan gavharimni endi topdim, deb suyunib ketibdi. Otasining roziligi bilan qizni nikohlab olib, murodiga yetibdi.

Rivoyatdan oladigan ibratimiz shuki, kishi oʻz holiga, darajasiga qarab, har jihatdan oʻziga mos boʻlgan oilaning qiziga uylangani ma’qul. Oʻzidan yuqori darajadagi qizga uylansa, xotini otasining hashamati va dabdabasiga magʻrur boʻlib, erni mensimay qolishi mumkin. Iffatli, hayo-nomusli xotin margʻub va maqbul boʻlsa, achchiq tilli, hayosiz xotin faqat oʻz erining emas, balki xalqning nafratiga sazovor boʻladi.

Paygʻambarimiz (s.a.v.) “Musulmonning uyi jannat bogʻidan bir bogʻchadir”, deganlar. Bundan ibrat shuki, “jannatda oʻsgan” qizga uylangan erning boshiga baxt qushi qoʻnibdi. Ammo baxt qushi qoʻnishi uchun uning oʻzi ham jannatda oʻsgan boʻlishi kerak.

Qozi Shurayh tobeinlardan Sha’biy hazratlariga nasihat qilibdilar:
-Ey Sha’biy, agar uylansang, Bani Tamim qabilasidagi bir qizga uylan. Ular qizlariga yaxshi tarbiya berishadi.

Sha’biy: “Qaerdan bilasiz?” - deb soʻradilar. Qozi Shurayh savolga javoban shunday debdilar:
-Yoshlik faslimda Bani Tamim qabilasi tomonga borgan edim. Qaytib kelayotib, qari bir ayol bilan yosh qiz oʻtirishganini koʻrdim. Qiz gʻoyatda chiroyli, latofatli koʻrinar edi. Qizni yaqinroqdan koʻrmoq uchun chanqogʻimni bosish bahonasida ularning oldiga borib, suv soʻradim. Ayol qizga suv olib kelishni buyurdi. Suvni ichgach, ul xotindan: “Bu qiz kimning farzandi, ismi nima?” - deb soʻradim.
-Bu qiz Xudoyorning qizidir, ismi Zaynab, - dedi kampir.
-Turmushga chiqqanmi? - deb soʻrashga jur'at etdim.
-Yoʻq, hali turmush qurmagan.
-Allohning amri ila menga berasizmi? - deb soʻradim.
-Avval soʻrab-surishtirib, kuyovlikka loyiq boʻlsang beramiz, - dedi kampir.

Uyimga qaytganimdan keyin ham qizni koʻrgim kelaverdi. Unga uylanishni ixtiyor etdim. Qarindoshimdan birini olib, qizning amakisi huzuriga bordikda maqsadimizni aytdik. Qizni surishtirgan edik “U senga munosib”, dedilar. Nikoh boʻlganidan keyin Bani Tamim qabilasining ayollari qanday ekanini yaxshi bilmayman, boshqa-boshqa muhit, boshqa qabila odamlarimiz, shoshilib, adashmadimmikin, deb pushaymon boʻla boshladim. Lekin ichimdagini hech kimga aytmay, oxiri baxayr boʻlar, deb kutdim. Uylandim, kelinni olib keldik. Yolgʻiz qolganimizda nikohimga olganim qiz menga shunday dedi:
-Afandim, bu oqshom kuyov ikki rakaat namoz oʻqishi kerak. Alloh rizosi uchun oʻqiladigan bu namozdan keyin kelinning xayrli va baxtli boʻlishini tilashi, Janobi Haqdan ezguliklar, barakot niyoz etmogʻini tilashi sunnatdir.

Uning gapi ma’qul kelib, ikki rakaat namoz oʻqidim. Salomdan keyin qarasam, u ham namoz oʻqiyapti. Namozdan soʻng u menga qarab shunday dedi:
-Afandim, men sahroyi muhitning qiziman. Siz esa boshqa muhitda tarbiya topgansiz. Taqdir bizni birlashtirdi. Sizga oʻz muhitingizdan bir qiz, menga esa oʻz qabilamdan bir yigit topilar edi. Ammo taqdiri ilohiy shunday ekan, bir-birimizning fe’l atvorimiz va axloqimizni bilmaganimiz holda taqdir hukmi bilan oila qurdik. Sizdan birinchi iltimosim, yaxshi koʻradiganingiz va mamnun boʻladiganingiz narsalarni menga aytib qoʻysangiz. Sizning istagingizga mos xizmat qilaman, yoqtirmaydigan va xush koʻrmaydigan hollarni ham aytib qoʻying, toki men ulardan saqlanay. Shundan keyin siz menga lutf etib, muloyim fe’lli boʻling, men ham sizga xotinlik vazifalarimni oʻrniga qoʻymoq uchun astoydil harakat qilay. Agar men oʻz vazifamni bajarmay, tanballik va itoatsizlik qilsam, meni otamning uyiga qaytarib yuborishingiz mumkin.

Buning uchun hech ranjimayman. “Boshga tushganni koʻz koʻrar”, “Boshga tushsa yigʻlamas”, deydilar. Men sizdan shularnigina iltimos qilaman. Janobi Haqdan bir-birimiz uchun xayrli va barakotli turmush qurishimizni tilayman. Islomiy bir oila hayoti ila yashamogʻimiz uchun duo qilaman.

Menga uning soʻzlari xush yoqib, dedimki:
-Xonim, sen menga shunday purma’no soʻzlar aytdingki, agar aytganlaringni ado etsang, meni tolei baland va baxtiyor etasan. Agar soʻzingda turmasang, ahvol boshqacha boʻladi. Men mana bu narsalarni istayman, bu narsalarni sevaman, mana bularini esa yoqtirmayman. Men orzu qilganlarni ado et. Xush koʻrmaganlarimni yashir, koʻrsatma.

Soʻng u “Qarindoshlarimning kelib-ketib turishlarini xohlaysizmi?” - deb soʻradi. “Uzoq turmaslik sharti bilan mayli, lekin haddan ziyod tez-tez kelishlarini xohlamayman”, dedim. “Qoʻshnilardan kimlar kirib-chiqa oladi? Xohlamaganingiz bilan koʻrishmayman”, dedi. Men dedim:
-Falon qoʻshnilar chiqishi mumkin. Ular nomusli va dindor odamlar. Falon kimsalarni xohlamayman, ularning hayoti islomiy emas. Undaylarning xonadonimizga qadam bosishlari yaxshilik keltirmaydi. Bunday mezonlar bilan qurilgan oila qisqa vaqt ichida bir jannati xonadon boʻladi.

Oradan biror yil oʻtdi. Bir kuni uyimga kelsam, keksa ayol mehmon boʻlib oʻtirgan ekan. Uning ayolimga “Qizim, bunday qil, unday qilma”, deb nasihat qilishidan taajjublanib: “Bu kim?” deb soʻradim. Ayolim “Qaynonangiz”, deb javob berdi. Men qaynonamning hurmatini bajo keltirib, hurmat va ehtirom koʻrsatdim. Qaynonam “Xotiningizdan mamnunmisiz?” deb soʻradilar.
-Juda mamnunman, Alloh sizlardan rozi boʻlsin, juda ham yaxshi farzand yetishtiribsiz. Bundan yaxshisi boʻlmaydi. Nihoyatda mamnunman, - dedim.

Bunga javoban qaynonam:
-Men uni jannatday oila goʻshasida oʻstirganman, oʻgʻlim. Ayolning badfe’lidan Alloh saqlasin. Qarindoshlarimiz sizni koʻrgani kelishmoqchi, qachon kelishsin? - deb soʻradilar.

Men: “Istagan kunlari kelishsin. Uyimning toʻri ularniki”, dedim.

Qaynonam har yili bir kelib, qiziga nasihatlar qilib ketardilar. Men xonim bilan yigirma yil birga yashab uning birorta aybini koʻrmadim.

Qozi Shurayhning qoʻshnisinikida har kuni janjal ekan. Qoʻshni xotin tarbiya koʻrmagan, yomon fe’lli boʻlgani sababli, turmushlari xarob ekan. Ularning holini koʻrgan Qozi Shurayh suyukli xonimi Zaynab sharafiga bu satrlarni bitgan ekanlar:

Zavjalar ichinda Zaynabim tanho,
Qoʻlim sinsin, unga koʻtarsam goho.
Adolatsizlikdir beayb urmoq,
Zaynabimga munosibdir madh etib yurmoq.
Xotinlar ichida u bir quyoshdir,
Boshqa barcha xotinlar yulduzga eshdir.
Quyoshning yonida yulduzlar uchar,
Erkak saodati uyida boʻlar.
Zaynab itoatli, Zaynab sodiqdir,
Unga tayoq emas, madhiya haqdir.
Azizlar, mazkur hikoyani, undagi qizning gaplarini yana bir qayta oʻqib chiqing. Yaqin oylarda yoki yaqin yillarda kelinlik libosini egniga iluvchi qizingizga ham oʻqib, ma’nosini tushuntirib bering. Biz, har birimiz uyimizda jannat huzuri boʻlishini istaymiz, Allohdan soʻraymiz. Albatta, bunday huzurni berguvchi yolgʻiz Allohdir. Ammo bu ne’mat faqat duo bilan boʻlmaydi. Bu ne’matga erishish uchun bandaning oʻzida yaxshilik sari intilish boʻlishi kerak. Qizini baxtli boʻlishini istagan ota-ona unga yaxshi tarbiya berishi kerak.

Mazkur hikoyada shunday oʻgitlar borki, ularga amal qilish xonadonni jannat misoli huzur manbai qila oladir. Qozi Shurayhiyning qaynonasi “Qizimni jannatda oʻstirdim” deganiga diqqat qilaylik: bunda avvalo hikoya avvalida zikr etilgan hadisga ishora bor. Ikkinchidan esa jannat - iymon egalari toʻplanadigan joy. Qiz iymon egalari ta’sirida voyaga yetgan. Har bir harakatida iymon talablariga amal qiladi. Kimki uyini jannat bogʻchasi qilsa, farzandini shu bogʻcha guli kabi parvarishlaydi. Koʻrinishi goʻzal boʻlgani uchun emas, fe’li goʻzal, axloqi yaxshi boʻlgani uchun ayol e’zozlanadi. Chunki mol-dunyo tugaydi, goʻzallik oʻtib ketadi. Shu gaplarni aytsak, ayrimlarning ensasi qotib “oʻtmishdagi gaplarni misol qilishning nima foydasi bor?” deb qoʻl siltashadi.

Bizning afsusimiz ham shunda. Ajab, ajabki, jannat bogʻchalari oʻtmishda qolib ketdimikin? Yigirma birinchi asr mezoni bu jannat bogʻchalarini inkor etadimi? Boʻlajak kelin boy, boʻyalgan, tuzangan boʻlsa basmi? Tor shim kiyib, kindigini koʻrsatib yuruvchi, ota-onasidan ham koʻra diskotekani yaxshi koʻruvchi qizlar qaysi bogʻchada parvarish qilindilar ekan? Jannat bogʻchasidami yo doʻzaxning qurib qovjiragan biyobonidami? Ba’zan koʻchada koʻramiz: onasi binoyi ayol, hatto hijobda. Qizi esa sharmandali kiyimda. Bu qanaqa oila boʻldi?!

Sevikli Paygʻambarimiz (s.a.v.) sahobalariga: “Axlatxonada bitgan guldan ehtiyot boʻling”, deganlar. Ashob: “Axlatxonada bitgan gul qanday gul, yo Rasulalloh?”-deb soʻradilar. Rasululloh (s.a.v.) marhamat qildilar:
-Yomon muhitda, islomiy tarbiyadan uzoq, axloqsiz bir oilada yetishgan ayol.

Qiz olinayotganida oilasining dini va axloqi, yashash tarzi yaxshi oʻrganilishi kerak. Albatta, qoʻni-qoʻshnilarning aytganlari e’tiborga olinadi. Lekin qoʻshnining ham har xili boʻladi. Bu ishda koʻrinishi chiroyli qoʻshnilardan emas, balki dini, axloqi goʻzal odamlardan soʻraladi. Qiz beruvchi ham kuyovning dini, axloqini bilishi shart. Yaxshi surishtirmasdan toʻydan keyin “kuyov badaxloq ekan, kuyov giyohvand ekan”, deb vovaylo aytishdan foyda yoʻq. Surishtirishda yolgʻon ishlatilmasligi kerak. “Aybi bor, ammo toʻydan keyin tuzatib olar”, deb aldash Islom dinimizga zid. Umuman dinimizda yolgʻon ishlatib boʻlmaydi. Ammo ikki yoshning taqdiri hal qilinayotganda bunga alohida diqqat qilish kerak.

Bu oʻtkinchi imtihon dunyosida baxt kishiga hadeb kulib boqavermaydi. Birovning oti boʻlsa, aravasi yoʻq, aravasi borning oti yoʻq. Oila baxti ham shunday. Bugun er-xotin oʻzini bagʻoyat baxtiyor xis etadi, ertaga esa aksi. Oila baxtini bir daraxtga qiyos etsak, uning ikki oʻq ildizi boʻladi. Biri erning fazilatidan, ikkinchisi xotinning xislatlaridan suv ichadi. Agar bu barobarlik yoʻqolsa mas'udlik daraxtining umri qisqa boʻlib qolishi mumkin. Shu bois oila baxtini ta’minlashda erning mas'uliyatini yana qayta ta’kidlab, bir rivoyatni eslaymiz:

Bir yigit goʻzal va oqila qizga oshiq boʻlib qoldi. Qizning ham unda koʻngli bor edi, unashtirib qoʻyildilar. Ammo toʻydan avval qiz xastalikka chalindi, yuzlariga chechakka oʻxshagan nimadir toshib ketdi, tabiblar uning chorasini qila olmadilar. Oqibatda qiz avvalgi goʻzalligini yoʻqotdi va yigitga turmushga chiqish ahdidan qaytdi, oʻzini dunyodan yolgʻiz oʻtishga hukm qildi. Ittifoqo yigit ham kasallikka chalinib, bir necha kun qimirlamay yotdi. Keyin oyoqqa turdi-yu, biroq koʻzlari ojiz boʻlib qoldi. Yigit qizga uylanish ahdidan qaytmadi. Qiz ham noiloj koʻndi. Ikkovlari shu tarzda ancha yil baxtiyor umr koʻrdilar. Vaqti-soati kelib, ayol vafot etdi. Uning janozasidan keyin erning koʻzlari koʻr emasligi ma’lum boʻldi. Bu rivoyatdan murod - oila baxti uchun er ham fidoyi boʻlmogʻi kerak.

Har bir erkak nomusli, hayoli qizga uylanishni istaydi. Bu fazilatni qiz eng avvalo oʻz oilasida oʻzlashtiradi. Agar oiladagi ota-ona tarbiyali, odobli va bir-birlariga xushmuomalali boʻlishsa farzandlari ham ulardan ibrat olib, shunday fazilatlar egasi boʻladilar. “Onasini koʻrginu qizini ol”, deb bekorga aytmaganlar. Sovchilar borgan uylarining hashamatiga lol qolib oʻtirmasdan uy bekasining sarishtaligiga, muomalasiga diqqat qilsalar adashmaydilar. Agar yodingizda boʻlsa, Abdulla Qodiriy “Oʻtgan kunlar”ning avvalidayoq uylanish mashaqqatidan soʻz ochadilar:

“-Manimcha uylanishdek nozik bir ish dunyoda yoʻqdir, - dedi Rahmat va Otabekka yuz oʻgirdi. -Uylangach, xotining tab'ingga muvofiq kelsa bu juda yaxshi; yoʻqsa, munchalik ogʻir gap dunyoda boʻlmas.

Otabek Rahmatning bu soʻzini samimiyat bilan qarshiladi.
-Soʻzingizning toʻgʻriligiga shubha yoʻq, - dedi, - ammo shuni ham qoʻshmoq kerakki, oladirgʻon xotiningiz sizga muvofiq boʻlishi barobarida er ham xotinga muvofiquttab'(ta’biga mos) boʻlsin.
-Xotinga muvofiq boʻlish va boʻlmasliqni uncha keragi yoʻq, - dedi Homid e’tirozlanib, -xotinlargʻa “er” degan ismning oʻzi kifoya... ammo jiyan aytkandek, xotin degan erga muvofiq boʻlsa bas.

Rahmat kulib, Otabekka qaradi. Otabek ham istehzoli tabassum orasi Homidga koʻz qirini tashladi..
-Uylanishdagi ixtiyorimiz, - dedi Rahmat, - ota-onalarimizda boʻlgʻanliqdan, oladigan kelinlari oʻgʻillariga yoqsa emas, balki uning ota-onalari oʻzlariga yoqsa bas. Bu toʻgʻrida uylanguvchi yigit bilan er qilgʻuvchi qizning lom-mim deyishka haq va ixtiyorlari boʻlmay, bu odatimiz ma’qul va mashru' ishlardan emasdir. Masalan, men ota-onamning yoqdirishlari bilan uylandim.... ammo xotinim ota-onamgʻa muvofiq boʻlsa ham menga muvofiq emas. Siz aytkandek, ehtimol men ham xotinimga muvofiq emasdirman...”

Kitobdagi bu satrlarni batafsil eslashimizning boisi, e’tibor qilgan boʻlsangiz, oʻtmish va bugungi kun holatida oʻzgarish kam. Oramizda Homidga oʻxshab chakki fikrlovchilar ham uchrab turibdi. Farzandlarini uylantirishda ularning xohish-istaklarini inobatga olmayotganlar ham koʻp. Demak bu xususdagi bahslarga chek qoʻyish vaqti hali kelmabdi.

Oila qurgan kishini kemaning ichiga tushgan odamga qiyoslash mumkin: kema dengiz oʻrtasiga yoʻl olgan. Dengizda esa poʻrtanalar mavjud. Farzandlarning tugʻilishi bu kemani boshqarishni yanada qiyinlashtiradi. Endi kema dargʻasidan yanada koʻproq kuch va mahorat talab etiladi.

Farzand tugʻilishi quvonch va baxt keltirishi bilan birga ayrim oilalarda kutilmagan tashvishlarni ham yuzaga chiqaradi. Ayniqsa er-xotin, qaynona-kelin orasida kelishmovchilik mavjud oilalarda bola tugʻilishi bilan vaziyat yanada keskinlashadi. Toʻgʻrirogʻi, vaziyatning keskinlashishi ayol homiladorligini sezgan kunlardan boshlanadi. Ma’lumki, ayollardagi homiladorlik jarayoni bir xilda kechmaydi. Ayrimlari bu jarayondan yengil oʻtadilar, ayrimlari gʻoyatda qiynaladilar, maxsus muolajaga ham muhtoj boʻladilar. Ana shu paytda oilada ham er, ham qaynona, ham boshqa a’zolar tomonidan homilador ayolga alohida mehr va shafqatli munosabatda boʻlish talab etiladi. Ba’zi qaynonalarning “shunga shunchami, menam homilador boʻlganman, menam tuqqanman, bunaqa taltayib yotmas edim”, deyishlarini nodonlikka yoʻysak ranjimasinlar. Kelinlarning barchasi ham ayyor emasdir. Ularning vujudi qaqshasa, qiynalishsa nima qilishsin? Kelinning bunday azobli kunlarida aqlli, insofli qaynona unga oʻz onasiday mehribonlik bilan muomala qilishi kerak. Er ham xoʻjayinlik martabasidan tushib, mehribon yoʻldosh maqomini olishi shart. Bola tugʻilguniga qadar ayolga moddiy-ma’naviy sharoit yaratib berilishi kerak. Uni ayrim ogʻir vazifalardan ozod qilish lozim. Er suv sepmoqchi boʻlgan xotini qoʻlidan chelakni olsa, bu yoqdagilar kulgi qilmasliklari zarur. Homilador ayolni ayniqsa asabiylashishdan ehtiyot qilish kerak. Ayol koʻp asabiylashsa, majburiy qiynoqlarga roʻpara qilinsa bolaning asabiy kasallik bilan tugʻilishini tibbiyot isbot qilib bergan. Demak, agar homilador ayolga yaxshi sharoit yaratib bersak, aslida tugʻilajak farzandimizga yaxshilik qilgan boʻlamiz. Farzand sogʻlom tugʻilsa, oʻzimizning baxtimiz-ku! Uning xasta tugʻilishiga oʻzimiz sabab boʻlib, keyin zir yugurib yurishimiz Alloh tomonidan bizga oʻsha yomonligimiz uchun berilgan jazo emasmi?

Ayol homiladorlik paytida arzimagan gapdan ham ranjiydigan boʻlib qoladi.

Quvnoq onlaridan gʻamgin damlari koʻpayadi. Agar bu qaygʻusi haddan oshsa bola tashlaydi. Shu bois ham erkaklarning bu davrda ayollarini avaylashlari xotinni erkalatish degani emas, balki tugʻilajak bolani avaylashdir. Ayolini gʻam va kamquvvatlikdan ehtiyotlash erning burchi. Ayolning bahavo joylarda koʻproq yurishi, tez hazm boʻladigan kuchli ovqatlarni tez-tez va oz-oz tanovvul qilishi bizning oilalar uchun kamyob hodisa. Homilador kelin qorni ochsa ham boshqalarning dasturxon atrofiga oʻtirishini kutishga majbur. Oʻzicha ovqatlansa, uni ochofatga chiqarib qoʻyamiz. Keyin esa bolani saqlash uchun shifoxonaga yotqizamiz. Agar kelin ketma-ket ikki marta bola tashlasa, “buning pushti chatoq ekan, bolamga boshqa xotin olib berish kerak”, degan harakatga tushib qolamiz. “Kelin homilador boʻlganidan keyin uning sharoitini yaxshilash uchun nima qildik?” deb oʻzimizdan soʻramaymiz. Agar kelin kamovqat boʻlishi, koʻp qaygʻuga berilish oqibatida bola tashlasa buning gunohi er, qaynota-qaynona zimmasiga tushadi.

Nikohning birinchi maqsadi - odam naslini koʻpaytirishdir. Shuning uchun har bir odam butun kuch-quvvatini avlodining himoyasiga qaratishi kerak. Hech bir ota-ona bolasini nobud boʻlishini istamaydi. Ona qornida bola paydo boʻlganidan soʻng uning hayot-mamoti ota-onaga bogʻliq boʻladi. Shuning uchun ham ular bolani nobud boʻlishiga olib keladigan ishlarni qilmasliklari kerak. Ayollar, ayniqsa erlar bolaga zarar keltirishi mumkin boʻlgan tashqi ta’sirlar nimalardan iborat ekanini yaxshi bilmaydilar. Masalan, tibbiyot fani ma’lumotiga koʻra, homiladorlikning ikkinchi oyidan to toʻrtinchi oyigacha koʻp onalar bola tashlaydilar. Buning sabablari qoʻrquv, kamquvvatlilik, ogʻir jismoniy ishlarni bajarish, er bilan birga boʻlish va koʻp qaygʻurish boʻladi. Ogʻiroyoq ayollarni uyda yolgʻiz qoldirish ham mumkin emas. Tibbiyot ilmining tavsiyasiga koʻra, homiladorlikning ikkinchi oyidan boshlab erkak ayoliga yaqinlashmasligi kerak. Agar hayvonlar olamini kuzatsak, ular bu masalaga qat'iy amal qiladilar, homilador juftlariga yaqinlashmaydilar. Biz - odamlar shahvatparastlikda hayvon-larni ortda qoldirib ketganmiz. Bir necha daqiqalik nafs oromi uchun farzandimizni ham ayamaymiz. Bola ona qornida toʻrt-besh oylik boʻlganida visol onlarining zarari bilan mayib boʻlib qolish ehtimoli koʻproq boʻladi. Bu zararlarni koʻpchilik bilmaydi, bilganlar esa amal qilmaydi. Yaxshi bahonamiz bor: Xudo saqlasin!

Homilador ayolga yaxshi sharoit yaratib berish ham har bir oilaning burchi, ham jamiyatning vazifasi. Bizda homila yetti oylik boʻlganda ayolga ta’til beriladi. Yetti oylik bolani qornida koʻtarib, qiynalib ishlab yurgan ayollarni koʻrsam achinib ketaman. Nahot jamiyat ularga yanada qulaylik yaratib berishga ojiz? Ayollarga ta’tilni homila ikki oylik boʻlganda berishning iloji yoʻqmi? Albatta bu jamiyat uchun iqtisodiy jihatdan ogʻir muammo. Bir oyda yoki bir yilda hal qilib boʻlmaydi. Bu masalani bosqichma bosqich hal etish mumkin. Masalan, homila besh oylik boʻlganda toʻla ta’til berish mumkin yoki maoshini saqlab qolgan tarzda yarim kun ishlatsa ham boʻladi. Yoki bola tugʻilgandan keyingi ta’tilni qisqartirish hisobiga homiladorlik ta’tiliga qoʻshish mumkin. Yoki avvallari erkaklardan farzandsizlik soligʻi olinardi. Qizlar turmushga chiqmagan boʻlishsa olinmasdi. Shuni bir oz oʻzgartirish mumkin: qizlardan ham shunday soliq olib, uni xuddi pensiya jamgʻarmasi kabi oʻzlarining jamgʻarmalariga toʻplansa, homiladorlik davrida maosh sifatida toʻlash mumkin boʻladi. Xullas, takliflar koʻp, eng muhimi “mumkin emas”, deb rad etmasdan harakat qilish kerak. Chunki bir ayolning homilador boʻlishi, farzand koʻrishi bir oilaning muammosi emas. Bu - jamiyat kelajagiga doir muhim masala!

Farzand tugʻilganidan keyin er ham xotin ham bir narsani anglab olishlari kerak: farzandi tugʻilguniga qadar har bir odam oʻzi uchun yashaydi, tugʻilganidan keyin farzandi uchun yashaydi. Boshqacha boʻlishi mumkin emas. Yaqinda bir davrada ilmli birodarimizdan “Bir odamning xotini va qizi bor. Xotinining ogʻzidan yomon hid keladi. Davolatay desa, davosi yoʻq ekan. Ajrashmoqchi, shu toʻgʻrimi?” deb soʻrab qolishdi. Ilmli birodarimiz oʻylab ham oʻtirmay “Toʻgʻri, ajralishi kerak, ogʻzidan hid kelishini qiz toʻydan oldin aytishi kerak edi”, dedi.

Men bu fatvodan ranjidim. Agar oilada farzand boʻlmaganda ajrashib ketishsa mayliga edi. Lekin farzand tirik yetim qolyapti-ku, nahot buni oʻylashmasa?! Men ilm kishisi bilan bahslashishga ojizman, lekin bunday fatvo berishlarini toʻgʻri deb hisoblay olmadim. Avvalo, ayolning ogʻzidan keluvchi hid toʻydan keyin paydo boʻlgandir. Bu koʻproq oshqozon-ichak xastaligi bilan bogʻliq. Lekin ayollar erlaridan shunday hid kelsa ajrab ketmaydilar-ku? Ham aroq, ham tamaki hidi anqib turgan erkaklar bilan ba’zan yonma yon oʻtirib, besh-oʻn daqiqaga chidamaymiz, ularning ayollariga esa balli deymiz. Yana shu oʻrinda yuziga yara toshib, goʻzalligini yoʻqotgan qalligʻiga uylanish uchun koʻzini ojiz qilib koʻrsatgan insof egasi haqidagi rivoyatni eslaylik. Bizlar shunday tanti, mard, olijanob boʻla olmaymizmi? Bizlar oʻz nafsimiz yoʻlida shu qadar tubanlashdikmi?

Mahalladagi qoʻydi-chiqdilarni hal qiluvchi yigʻinda bir er xotinini taloq qilganini aytib “U mening mintalitetimga toʻgʻri kelmaydi”, deb izoh berdi. Ma’lum boʻlishicha, bu “mintelitet egasi” Amerikaga ishga borib kelgan ekan. Agar yirik olim sifatida borib kelsa-yu, “xotinimning saviyasi past”, desa tushunush mumkin. Amerikada ikki yil bir mehmonxona zinalarini yuvish bilan mashgʻul boʻlgan ekan, bu janobning mintalitetlari qanday boʻlishi mumkin? Eng muhimi bu nodon janobning uch farzandlari bor. Bu farzandlar tugʻilgunicha mintalitetlari qaerda edi? Kim nima desa desin, ammo jiddiy sababsiz bolalarini tirik yetim qilayotganlarni ayblashdan toymaymiz. Farzand oilani buzishga sababchi emas, balki oilani saqlab qolishga vosita boʻlishi kerak. Xotinga chiday olmay qolgan er, eriga chiday olmay qolgan xotin farzandining kelajagini oʻylab koʻrsa-chi? Ehtimol shu ularni oxirgi qadamdan saqlab qolar? Sudda er ham xotin ham farzandni talashadi. Farzandni shunchalik yaxshi koʻrar ekan, shu bolaning baxti uchun oʻz nafsidan kecha qolsa boʻlmasmikin? Sudda farzandlarini talashadilar. Keyin... yangi oila qurayotganlarida uni bolalar uyiga olib borib beradilar. Bunga nima deymiz? Bolasini tirik yetim qilib qoʻyganlar yangi oilalarida nahot oʻzlarini baxtli his qila olsalar? Ota yoki ona mehriga tashna bolaning uvoli ularni tutmaydimi? Bu dunyoda otasiz yoki onasiz, yoki ota-onasiz oʻsgan farzandlari bilan qiyomatda yuz koʻrishishganlarida bola mehr-shafqat haqini da’vo qilsa nima deb javob beradilar?

Qiyomatdagi javobga qadar ota va onaning jamiyat oldidagi burchi bor. Qamalib qolgan oʻsmirlar hayoti bilan qiziqib koʻrganimda ular orasida ota-onasi, buvasi va buvisi tarbiyasida ulgʻaylaganlari oz edi. Ota-onasining ajrashib ketishi natijasida otasi yoki onasi mehridan begona ravishda oʻsganlari esa koʻpchilikni tashkil qilar edi. Bolaligi yoki oʻsmirligida jinoyat yoʻliga kirib, soʻng bu olamda umrining oxirigacha qolib ketgan farzand ota-onasini hayotlik davridayoq kuydirib kul qiladi. Bunday farzand ota-onasi vafotidan keyin ularni yoʻqlab biror marta duo qilarmikin? Bu ham bir masala. Duotalab ruhlarning qiyomatga qadar azoblanib, chirqirab turishidan Alloh asrasin!

Ayollar ishlashlari kerakmi yo yoʻqmi, degan muammo bugungi kun oilasi uchun muhim boʻlib turibdi. “Bugungi kun” deb ta’kidlashimizning boisi, avvallari bunday muammo boʻlmagan. Ayollar uyda oʻtirganlar. Biroq, bu ishlamaganlar, degan gap emas. Ayollar uy yumushlari, farzandlari tarbiyasi bilan shugʻullanishdan tashqari ma’lum bir hunar bilan band boʻlganlar. Masalan, kashtachilik, doʻppichilik... kabi. Undan tashqari ayollar ishlashi kerakmi yo yoʻqmi, degan masala faqat shaharga xos. Qishloqlarda bunday masala yoʻq. Erkak dalada ketmon chopib, ayol uyda pashsha qoʻrib oʻtirmaydi. Er bilan baravar ishlaydi. Farzand tarbiyasi ham shu mehnat jarayonida olib boriladi.

Xoʻsh, bugun shahar oilasida ayol ishlashi kerakmi yo yoʻqmi?

Bu savolga har bir oila oʻz sharoitidan kelib chiqib javob berishi zarur. Eng muhimi ayolning nima ish bilan shugʻullanishiga jiddiy e’tibor berish kerak. Ayollarni ogʻir va sogʻliq uchun zararli ishlardan ehtiyot qilishimiz kerak. Bugun biz ayollarni qurilishdami yoki zavoddami ogʻir ishlarni bajarayotganini koʻramiz. Hatto dalada traktorga ham mindirib qoʻyib uni olqishlaymiz.

Ayollarni jismoniy ogʻir va zararli ishlarda ishlashlari biz - erlar uchun uyat emasmi?! Bu jamiyat yoʻl qoʻyayotgan xatolardan biri hisoblanmaydimi? Buxorodagi sayyohlarga tarixdan hikoya soʻzlovchilar zardoʻzlik san'ati haqida gapira turib, “qadimda zardoʻzlik bilan faqat erkaklar shugʻullanganlar, ayollarni mensimaganlar, ularga ishonmaganlar”, deb izoh berishadi. Bu nodonlarcha izohga sayyohlar albatta ishonadilar. Holbuki, u zamonlarda erlar ayollarni ehtiyot qilganlar. Avvalo bu ish ancha mashaqqatli. Ikkinchidan, zardan turli chang koʻtariladi va ayolning salomatligiga ta’sir qiladi. Yaqinda bir birodarimizning ayoli vafot etdi. Shunda birodarimiz “ayolimni ishlatmasam boʻlarkan, barvaqt oʻlmas edi”, deb qoldi. Uning ayoli bosmaxonada harf teruvchi boʻlib ishlardi. U paytlar “linotipchi” degan kasb egasi, ya’ni harf teruvchining shundaygina yonida qoʻrgʻoshin qaynab turardi. Oʻsha ishda orttirilgan kasallik oxiri oʻz kuchini koʻrsatdi.

Bu masalada ayrim birodarlarimiz sal keskinroq fikr ham bildirib “ishlaydigan ayollarning buzilishlari osonroq boʻladi”, deyishadi. Bu fikrga qoʻshilish qiyin. Buziladigan ayol uyida oʻtirib ham buzilaveradi.

Boshqa birodarlarimiz ishlamay uyda oʻtirgan ayollarning dunyoqarashi tor, saviyasi pastlashib ketadi, deydilar. Bu ham bir yoqlama toʻxtam. Deylik bir xonada olti ayol ishlaydi. Bittasi kitobxon, boshqalari kitob desa, boshi ogʻriydigan toifadan. Oʻsha kitobxon ayol jahon adabiyotidan gapirsa, qolganlar eshitishadimi? Eshitishmaydi. Ularga bundan koʻra gʻiybat afzal. Gʻiybatdan lazzatlanishadi. Oqibatda oʻsha kitobxon ayolni ham oʻz qatorlariga qoʻshib olishadi. Agar uyda oʻtirgan ayollarning saviyasi past boʻlsa, Zebunniso begim, Nodira begim, Uvaysiy begim...lar dunyo adabiyoti tarixiga gavharlar toʻkarmidilar?

Ishlash masalasini hal etishda har ikki tomon keskin talablardan voz kechib, sharoitdan kelib chiqqan holda murosa qilganlari ma’qul. Bu masalada bir oila ikkinchisiga namuna boʻla olmaydi.

Endi oilaga doir nozik masala hisoblangan koʻpxotinlilik xususida fikr yuritsak. (Aniqlik kiritamiz: oilasi buzilishi natijasida taloq berib, soʻng ikkinchi yoki uchinchi marta uylanganlar emas, balki ayni bir vaqtda ikki yoki undan koʻp xotinga ega boʻluvchilar nazarda tutiladi.) Ruslarda “General boʻlishni orzu qilmagan askar askar emas”, degan maqol bor. Shuni sal oʻzgartirib aytsak, ikkita xotin olishni orzu qilmagan er er emas, degan ma’no chiqishi ham mumkin. Garchi bu gap hazil tariqasida boʻlsa-da, lekin bunday orzu barcha erlarda mavjudligiga ishonamiz. Ayrim erlar uchun xayol orzu boʻyicha qolib ketadi, ayrimlar esa orzuni amalga oshirishga harakat qiladilar. Kambagʻallar uchun bu muammo yoʻq, desak ham boʻlar. Kambagʻal erning ikkinchi xotin olishga harakat qilishi osmondagi quyoshni uzib olishga urinishday gap. Choʻntakka tushgan pul nafsni qitiqlaydi. Bu nafsni qondirish uchun musulmon erlar uchun tayyor bahona bor: Alloh toʻrttagacha uylanishga ijozat etgan. Er qanday holatlarda xotinni koʻpaytirish harakatiga tushadi?

  • oʻz xotini bilan nafsini qondira olmasa, tashqaridan lazzat izlaydi.

  • ota-onasining zoʻri bilan uylangan xotini koʻngliga yoqmaydi, oʻziga yoqadiganini istaydi. Goʻyo “Oʻtgan kunlar”dagi Homidning maslahatiga amal qiladi: “Jiyan, - dedi Homid Rahmatka qarab, - boshlab uylanishing albatta ota-onang uchun boʻlib, ulardan ranjib yurishingni oʻrni yoʻq. Xotining koʻnglingga muvofiq kelmas ekan, muvofiqini olib, xotinni ikki qil. Bunisi ham kelishmasa uchunchisini ol. Xotinim muvofiq emas deb zorlanib, hasratlanib yurish er kishining ishi emas”. Bu maslahatga amal qilganlarni biz “adashganlar” deb atasak ranjimasinlar.

  • Paygʻambarimizning, alayhissalom sunnatlari deb ikkinchi, uchinchi marta uylanadilar. Ajabki, sunnatga amal qilishni aynan shu sohada boshlaydilar. Qolgan oʻnlab sunnatlar esa bajarilmay qoladi. Bu birodarlarimizda andak johillik bor. Bu boradagi sunnatning ma’nosini yaxshi anglab yetmaganlar. Chunki Paygʻambarimiz alayhisalom nafsni qondirish uchun emas, bevalarga mehribonlik qilish uchun uylanganlar.

  • birinchi oiladagi farzandsizlik oqibatida boshqa turmush qurishni hech kim rad etolmasa kerak.

  • ota-onasini behurmat qiluvchi xotinni qoʻyib, hurmatlaydiganiga uylanuvchilar ham bor. Ammo ikkinchi yoki uchinchi xotin ota-onasini hurmatlaydi, deb kim kafolat beradi? Ehtimol hurmatsizlikda keyingilari avvalgisidan oshib tushar. Balki “ota-onani hurmat qilmaslik” nafs talabini yashirishdagi bir bahonadir?

  • uylanishdan ilgari zino qilgan er yana begona ayolni qoʻmsayveradi. Bu nafsini qondirish uchun mablagʻi boʻlsa biron qizni yoki juvonni shar'iy nikohiga oladi, puli kamlik qilsa, fohishalarning xizmatidan foydalanadi.

Surishtiraman, desangiz sabab va bahonalar qaynab chiqaveradi. “Nechta xotin olgan ma’qul?” degan savolni kun tartibiga qoʻysak, bir xil javob ololmaymiz. “Oʻtgan kunlar”dagi togʻa-jiyan bahsini eslaylik:

“Rahmat Otabekka kulimsirab qaradi-da, togʻasiga javob berdi:
-Xotinni koʻpaytirib, ular orasida azoblanishning nima hikmati boʻlsin? - dedi. - Bir xotin bilan muhabbatlik umr kechirmak, manimcha eng ma’qul ish. Masalan, ikki xotinliqning bittasi sizmi? Uyingizda har kuni janjal, bir daqiqa tinchligʻingiz yoʻq.
-Seningdek yigitlar uchun albatta bitta xotin ham ortiqchalik qiladir, - deb kuldi Homid. -Koʻb xotin orasida azoblanish oʻzi nima degan soʻz? Qamchiningdan qon tomsa, yuzta xotin orasida ham

rohatlanib tiriklik qilasan. Men bu kungacha ikki xotin oʻrtasida turib janjalgʻa toʻyganimcha yoʻq, ammo xotinni uchta qilishgʻa ham oʻyim yoʻq emas. ”

Homidga oʻxshab fikr qiluvchilar hozir ham topiladi. Faqat ayrim farqlar bor. Chunonchi: koʻpxotinlikning uyida hozir janjal yoʻq, chunki xotinlar bir uyda yashamaydilar. Har bir xotinga alohida uy olib beriladi. Ikkinchidan, qamchindan qon tommaydi, balki pul tomib turadi. Pul tomib turar ekan, janjalga oʻrin yoʻq.

Ustoz Abdurauf Fitratning mazkur masaladagi mulohazalaridan foydalanib fikrlarimizni davom ettiramiz.

Odamlar avval oila shaklida jam boʻladilar va bir necha oiladan bir qavm paydo boʻladi. Ma’lumki, bir qavmning har bir oilasi saodatli va baxtli boʻlmasalar, oʻsha qavmni baxtiyor va saodatli deyish xatodir. Hamda oila a’zosidan birortasi baxtli boʻlmasa, oʻsha oilani baxtiyor deyish ham notoʻgʻri boʻladi. Modomiki, qavm oilalardan va oila esa alohida odamlardan tarkib topgan ekan, “ozdan koʻpga” degandek, aytish mumkinki, har qavmning saodati shu qavm oilalarining baxtiyorligidan va har bir oilaning saodati shu oila a’zolarining saodati va baxtliligi bilan bogʻliq.

Nechta xotin bilan yashash masalasini shu nuqtai nazardan muhokama qilish oʻrinli. Bir nechta xotin bilan yashash oilalarni baxtli qiladimi yo baxtsiz? Shu oila a’zolariga shodonlik keltiradimi yoki baxtsizlik? Agar visol onlari hisobga olinsa bu er uchun ayni baxtiyorlik tuyuladi. Ammo kundosh balosi bilan siylangan xotin uchun bu baxti qarolikdir.

Deylik, Falonchi Pismadon qizni nikohiga oldi. Ya’ni ul bechoraga saodat va baxtiyorlik va’da qilib hayotining boyligi, ya’ni yoshligini oʻz tasarrufiga oldi. Ikki-uch yil yaxshi yashaydi. Uylanishdan maqsad boʻlgan ikki-uch farzand vujudga keladi. Ayolning tarovati va yoshligi erning muhabbati va mehri yoʻlida sarf boʻlgandan soʻng Falonchi janobning shahvati uygʻonib, harakatga keladi. Nafsi orom topishi uchun endi unga oʻz xotini kifoya qilmaydi. Boshqacha qilib aytganda, saodat va baxtiyorlik umidi bilan yoshlik ayyomini erining orzu havaslariga ado qilib, ikki-uch farzand koʻrgan xotin yoniga yangi xotin oladi. Bu nima, dastlabki nikoh onidagi va’daga xiloflik va xiyonat emasmi? Turmushning dastlabki kunlari, haftalari, oylarida har bir erkak xotiniga tilda boʻlmasa ham dilida baxt tilaydi. Koʻngli boshqasini tusaganda bu va’da unutiladimi?

Xullas, Falonchi janobimiz birinchi xotinlariga aytibmi yo yashirin ravishdami, ishqilib uylandilar. Yangi xotinga butunlay berilib ketishlari tabiiy. Birinchi xotin va hayoti mevalari boʻlgan farzandlari shuuridan chetlasha boshlaydi. Tabiiyki, oʻsha xotin va farzandlar buni sezadilar va javob tarzida unga boʻlgan muhabbatlarini yoʻqotadilar. Undan va yangi xotinidan nafratlanadilar. Vaqt oʻtishi bilan yangi xotindan ham bir-ikki farzand tugʻilgach, bu oʻzaro nafrat yanada kuchayadi. Vaholanki, koinotda qaysi ikkita jins birga boʻlsa, muhabbat natijasi ekani ma’lum. Shunday ekan, oila a’zolari orasida muhabbat koʻtarilsa, vayronlik, tarqoqlik va intizomsizlik kelib chiqadi. Agar bu qoʻshxotin bir hovlida yashasa ular va ularning bolalari oʻrtasida kun sayin nafrat oshib boradi. Yoqalashish yuzaga keladi, Falonchi oʻzini baxtsiz seza boshlaydi, farzandlarining xulqi esa yomon boʻlib boraveradi. Yuqorida zikr etganimizdek, hozirgi kundoshlar bir hovlida yashamaydilarkim, bu qoʻshxotinlik janobning mushkulini ancha oson qiladi. Ammo uyning alohidaligi birinchi oilasida yonayotgan nafrat oʻtini zarracha kamaytirmaydi. Birinchi oilani moddiy jihatdan ta’minlab tursa-da, unga nisbatan boʻlgan muhabbat saqlanib qolmaydi. Farzandlari ham uni suyukli ota sifatida qadrlamaydilar, balki moddiy ta’minotchi sifatida hurmat qilib turadilar. Birinchi oila oʻzini mustaqil ta’min etadigan holga yetgach, otaga boʻlgan bu hurmat ham soʻnadi.

Davlat qonuni qoʻshxotinlilikni man etadi. Islom dinimiz ijozat beradi. Ayrim yevropaliklar dinimizning shu jihatini ma’qullaydilar. Erkak fohishaxonaga borgandan koʻra yana bitta xotin olib pokiza yashagani ma’qul, deydilar. Darhaqiqat, qoʻshxotin olishning bu tomoni ham bor. Ayrim erkaklarda shahvat ishtiyoqi kuchli boʻladi. Oʻz ayoli bilan qoʻshilish mumkin boʻlmagan kezlari u koʻchadan najot izlaydi, gunohga botadi. Agar nikohida yana bitta xotin boʻlsa, bu gunohdan saqlanadi. Undan tashqari bu oʻrinda ayollarning taqdiri ham bor. Avvalo, oʻgʻil bolalardan koʻra qizlar koʻproq tugʻilarkan, undan tashqari turli urush yoki fojialar tufayli erlar koʻp qiriladi. Demak, bir erga ikki yo uch ayol toʻgʻri keladi. Shunday ekan, ayollar nima qilishsin?

  • harom yoʻlga yursinlarmi? Harom bola orttirsinlarmi?

  • birovning oilasini buzib, xotinidan butunlay ajratib, bolalarini tiriklay yetim qilib unga tegib olsinlarmi?

  • halol va poklik, rozi-rizolik yoʻli bilan bir kishiga nikohlanib oila qursinlarmi?

Albatta barchamiz shu uchinchi yoʻlni ma’qullaymiz.

Qur'oni Karim ma’nolarining oʻzbekcha tarjimasida oʻqiymiz: “Agar yetimlar haqqiga xiyonat qilishdan qoʻrqsangiz, ularni oʻz nikohingizga olmang, balki nikohlari shar'an toʻgʻri boʻlgan ayollarni bittadan toʻrttagacha oʻz nikohlaringizga oling va ikki-uch ayol haqqiga zulm

etgudek boʻlsa, bir xotin sizga kifoya qiladi. Shu adolatdan ogʻib ketmaganingiz yaxshiroqdir”. Niso surasida kelgan mazkur oyatni aqlimiz yetgancha oʻrganishga harakat qilaylik. Tarixdan ma’lumki, johiliyat davrlarida ayollar huquqi bagʻoyat darajada poymol qilingan. Bir erga oʻnlab ayollar tutqun boʻlgan. Keyin esa urushlar tufayli koʻp ayollar tul qolardilar. Dinmiz ana shu ayollar taqdirini odilona hal qilib beradi.

Oyati karimadagi yetimlar haqqiga xiyonat qilishdan qoʻrqilsa ikkitami, uchtami, toʻrttami xotin olishga ijozat berilishi oʻqigan odamga gʻalati va tushunarsiz tuyulishi mumkin. “Tafsiri hilol”da bu murakkab masala yaxshi tushuntirib berilgan. Imomi Buxoriy Ibn Shihobdan qilgan rivoyatda shunday deyilgan ekan: “Menga Urva ibn Zubayr xabar berdiki, u Oisha onamizdan “Agar yetimlarga adolat qila olmaslikdan qoʻrqsangizlar”, oyati haqida soʻragan ekan u kishi (roziyallohu anho) debdilarki: “Ey jiyan, bir yetim qiz kafilning qaramogʻida boʻladi. Qiz uning moliga sherik boʻladi. Qizning moli ham, jamoli ham uni oʻziga tortadi-da, uning mahrida adolatli boʻlmay, unga uylanmoqchi boʻladi. Unga boshqalar beradigan mahrni bermoqchi boʻladi. Bas, adolatli boʻlmasalar, ular uylanishdan qaytariladilar, boshqa ayollarga uylanishga amr qilinadilar”. Demak, oyatda “etimlar” deyilganda yetim qizlar nazarda tutilgan ekan.

Yetim qizlarga ularni oʻz kafolatiga - himoyasiga olgan kishi uylanmoqchi boʻlsa-yu, ammo bu ishda adolatsizlikka yoʻl qoʻyishdan qoʻrqsa, oʻsha yetim qizlarga uylanishni qoʻysinda, oʻziga yoqqan, nikohi halol boʻlgan boshqa ayollardan xohishiga qarab ikkitagami, uchtagami, toʻrttagami uylansin. Agar xotinlari orasida adolat oʻrnata olmaslikdan qoʻrqsa, bittaga uylansin.

Yetim qizlarga adolatsizlik faqat mol-mulk borasida emas, chunki oyatda adolat mol-mulk bilan qayd qilinmasdan, mutloq zikr etilgandir. Shuning uchun har qanaqa adolatsizlikning yuz berishidan saqlanish kerakdir. Jumladan, er bu qizga faqat moli uchun uylanganda, oʻziga nisbatan koʻngli boʻlmasligi mumkin. Yoki oradagi yoshda katta farq boʻlishi natijasida oilaviy hayotning haqiqiy ma’nosi qiz hayotida oʻz ifodasini umuman topmasligi mumkin. Bu ham adolatsizlikka kiradi.

Olimlarimiz oyatdagi “etimlar” soʻzini shunday talqin qiladilar va bunga e’tiroz qilish qiyin. Bizda ular bilan bahs yuritishga yetarli ilm boʻlmasa-da, shu xususdagi tushunchamizni bayon etishga jur'at etamiz. Ta’kid etamizki, bu fikr bahs yoʻsinida emas, balki bir bandaning aqli yetgan darajasidagi tushunchasidir. Bilishimizcha, Qur'oni Karimda mavhum koʻrsatmalar berilmaydi. Masalan, masxara qilishdan qaytarilgan oyatda er va ayollar alohida ta’kid etiladi. Yoki ilm olish haqida ham “ilm olmoqlik muslim va muslimalar uchun farzdir” deb buyuriladi. Yoki “Yosin” surasini ayrim tafsirlarida “Antokiya” shahri tilga olinadi. Ba’zi mufassirlar esa “Agar shu shahar boʻlganida Alloh uni oʻz nomi bilan atardi”, deyishadi. Alloh bilguvchidir. Niso surasining biz oʻrganayotgan oyatida ham “etim qizlar” deb alohida ta’kid etilishi mumkin edi. Ehtimol bu oʻrinda boshqa ma’nolar ham bordir? Ya’ni, yetimlari bilan beva qolgan ayollarga mehribonlik qilishga da’vat bordir? Ya’ni, yetimlarga mehribonlik qiling, lekin tashqaridan turib ularning haqini ado etishga koʻzingiz yetmasa, ularning onalariga, ya’ni bevalarga uylaning, degan ma’no yoʻqmikin? Bizningcha, toʻrttagacha uylanish ijozati nafsni qondirish uchun emas, balki aynan bevalarni oʻz panohiga olish uchun boʻlsa kerak. Bu oʻrinda Paygʻambarimizning (s.a.v.) kimlarga uylanganlarini yana bir esga olsak joiz boʻlar.

Kim toʻrttagacha xotin olishi mumkin? Albatta boy odam. Kambagʻal orzu qilmasa ham boʻladi. Demak, bu imtiyoz faqat boylar uchunmi? Yuqorida koʻpxotinlilikning foydasi haqida ham aytib edik. Demak, xotini bilan qoʻshilish mumkin boʻlmagan damlarda boy odam boshqaga uylanib, nafsini qondirishi mumkin. Kambagʻal-chi? Uning uylanishga puli boʻlmagani bilan, unda ham nafs bor, shahvat bor. Ha, biz undan sabrni talab qilamiz. Boyga esa sabrning keragi yoʻq.

Oyati karimadagi adolat qilishga e’tiborni tortilishi bejiz emas. Xoʻp, bugungi kunda qoʻshxotinlilar qanday adolat qilishadi? Kamina “Oʻtgan kunlar” romani haqida fikr bildirib, Otabek chin musulmon yigit edi, ikkinchi marta uylanish haqida soʻz chiqqanda Kumushga ma’lum qilib, ijozat olgan, musulmonlik burchiga rioya qilmasa ulardan yashirincha Zaynabga uylanib olaverardi, deb yozganimga ayrim birodarlarimiz e’tiroz bildirib dedilarki: “Ikkinchi xotinga uylanish uchun birinchisidan ruxsat olish shart emas”. Durust, birinchi xotinning ruxsati shart boʻlmasa, unga ma’lum qilish lozimmi yo yoʻqmi? “Ma’lum qilgani durust”. Xoʻp, unda talab qilinayotgan adolat nima boʻladi? Bugungi xotinlarning koʻpchiligi kundoshi borligini bilmaydi. Nikoh yashirincha oʻqiladi. Er ikkinchi xotini bilan yashirincha yashaydi. Faqat xotinidan emas, qarindoshlaridan ham sir tutadi. Ikkinchi xotini visolida mast boʻlish uchun birinchisiga “uzoq safarga ketyapman” , deganga oʻxshash bahona qiladi. Ya’ni yolgʻon gapiradi. Bu harakatda qanday adolat boʻlishi mumkin? Adolat deganda kechaning birinchi yarmida birinchi xotin bilan, ikkinchi yarmida ikkinchi xotin bilan boʻlishgina nazarda tutilmaydi. Adolatning qamrovi keng. Shuning uchun ham adolat qila olmasangiz bittasi bilan kifoyalaning, deb buyurildi. Biz ikki xotinlik birodarlarimizni ayblamoqchi emasmiz, ikkita xotin olish mumkin emas, deb ta’qiqlash huquqi bizda yoʻq. Biz faqat ikki yoki undan koʻp xotinga uylangan, yoki shunday fikrda yurgan birodarlarimizni Allohning adolat xususidagi ogohlantirishini

unutmaslikka chaqirmoqchimiz.

Shu ogohlantirishdan kelib chiqadigan ma’no: uylangan erning xayolida ikkinchi xotin olish orzusi boʻlsa, adolat qilish yoki qilolmasligini avvaldan aniq bilmogʻi darkor. Agar adolat qila olmaslik ehtimoli koʻproq boʻlsa, ikkinchi xotinga uylanish xayolidan voz kecha qolganlari durust. Ammo ikki xotin oʻrtasida adolat va insof oʻrnata olsa, ularning ogʻirligidan choʻchimasa, ixtiyori oʻzida. Ikki yoki undan koʻp xotin olishning sharti shu adolat va insofdir. Qoʻshxotinli er shu oyati karima hukmi va vijdoni hukmi ila farz boʻlgan adolatni xotinlari oʻrtasida oʻrnatishiga majbur. Ya’ni, yeb-ichish, kiyim-kechak, uy-joy, erkak majburiyatida ham bir xil munosabatda boʻlishi shart. Ilgarilari qiziq odatlar boʻlgan ekan. Masalan, adolatga rioya etish uchun xotinlardan biri kundoshiga pul berib, uning navbatini sotib olarkan. Yoki erning oʻzi bir xotiniga hadya berish bilan rozi qilib, ikkinchi xotiniga borarkan. Ammo oʻsha davrlardagi Faqihlari buni ma’qul koʻrmay, pulni va hadyani oʻz egalariga qaytarishni lozim bilganlar. Adolatning bajarilishi vojib ekan, er boʻynida u abadiy qoladi.

“Har qancha urinsangizlar ham xotinlaringiz oʻrtasida adolat qilishga (ularning barchalariga barobar mehr koʻsatishga) qodir boʻlmaysizlar. Bas, butunlay (suygan xotinlaringiz tomonga) ogʻib ketib, (koʻngilsiz boʻlib qolgan) xotiningizni muallaqa kabi tashlab qoʻymang (muallaqa ayol - eri bedarak ketgan ayoldir. Erim bor, desa - yoʻq, bevaman, desa - eri taloq qilmagan). Agar (oʻzlaringizni oʻnglab Allohdan qoʻrqsangizlar, albatta Alloh magʻfiratli, Mehribon Zotdir” (Niso surasidan).

Nabiy akram (s.a.v.) marhamat qiladilarki: “Agarda erning ikki xotini boʻlsa va ularning oldilarida adolat qilmasa, qiyomatda tanasi yarimta boʻlgʻay” (Muhammad at-Termiziyning “Al-jome’ us-sagʻir” kitobidan).

Oila asosini muhabbat tashkil qilishini aytib edik. Muhabbatda adolatni oʻrnatish qiyin, er hamma xotinlarini bir xil seva olmaydi. Er yosh va goʻzalroq boʻlgan ikkinchi xotinini birinchisidan koʻra koʻproq yaxshi koʻradi. Alloh taolo esa xotinlar oʻrtasida adl va insof oʻrnatishni talab etyapti. Nima qilish kerak? Islom yoʻlidagi erga Alloh ta’lim beradiki: “Haqiqatda insof yuzasidan hamma xotinlaringizni bir xil sevmoqchi boʻlasizlar. Lekin muhabbatda adolat oʻrnatmoq sizlarning iqtidoringiz doirasidan chiqadi. Shunday ekan, koʻproq sevadigan xotiningizga kamroq mayl qiling, toki boshqa xotin ranjimasin. Sevmaydigan xotinni muhabbat va hurmat chegarasida tutib turingiz, aslida sevmasangiz ham zohirda shunday muomala qilingki, u ham sevadi, deb oʻylasin”.

Bu borada Rasulullohning (s.a.v.) xulqlari bizga ibratdir. Hazrati Paygʻambarimiz alayhissalom Oisha onamizni (r.a.) boshqa xotinlaridan koʻproq sevganlar. Ammo xotinlari oʻrtasidagi adolat mezoniga rioya qilib aytarkanlarkim: “Yo Allohim, iqtidorim boricha xotinlarim oʻrtasida adolat qilurman. Ammo ixtiyorimda boʻlmagan narsaga meni giriftor etmagin, ya’ni hammalarini bir xilda seva olmayman, meni afv etgin, chunki mening qoʻlimda emas”. Oʻz xotinlariga qay darajada adolat qilishi lozimligini bilmay yurgan er uchun Paygʻambarimizning, alayhissalom shu muborak gaplari kifoya qilar?

Imom Buxoriy hazratlari rivoyat qilgan hadisda Oisha onamiz (r.a.) shunday deydilar: “Paygʻambarning ahvollari ogʻir boʻlganda, ular mening xonamda qolishlari uchun boshqa xotinlaridan izn soʻradilar. Ular rozi boʻldilar”. Islom dinimiz koʻp xotinlilikka shunday ogʻir shartlar bilan ijozat beradi. Shunday shartlarga amal qilmay yoki ahamiyat bermay ikki yoki undan koʻp xotinga uylangan erlar bilib qoʻysinlarki, ularning ishlari Qur'on va hadisga xilofdir. Farzandlari qalbiga zulm qilganlari uchun bu dunyoning oʻzida jazo olishlarini unutmasinlar. Bu jazodan tashqari yana hisob-kitob kuni kutayotganini ham esdan chiqarmasinlar.

Ojiz aqlimizning xulosasi shuki, bu kunda hech bir er talab qilinmish adolat talabiga javob bera olmaydi. Shu bois bitta xotinga kifoyat qilsin va qiyomat azobidan oʻzini himoyat etsin.

Mavzu soʻngida koʻpxotinlilikning jamiyatga zararini aytib oʻtmasak boʻlmas. Tarixga nazar tashlasak, qudratli davlatlarning parchalanib ketganlariga guvoh boʻlamiz. Nega shunday? Albatta buning turli sabablari mavjud. Shu sabablarning eng asosiysi podsholarning shahvat balosiga uchraganlaridir, ya’ni toʻxtovsiz va behisob uylanishlaridir. Podsholarning xotinlaridan tugʻilgan farzandlar rasman aka-uka hisoblansalar-da, toj-taxtga kim oʻtiradi, degan muammo koʻtarilganida bu jigarbandlikni unutganlar. Hech boʻlmasa Moʻ'min mirzo fojiasini eslaylik. Moʻ'min mirzo Badiuzzamonning oʻgʻli, ya’ni avval zikr etganimiz Husayn Boyqaro ajrashgan xotinning nabirasi. Husayn Boyqaro bu nabirasiga Astrobod viloyatini in'om qilgan, keyin esa Hadichabegimdan tugʻilgan oʻgʻliga hadya etdi. Oqibat Bobur mirzo yozganlariday: “Muhammad Moʻ'min mirzoni aning (ya’ni Hadichabegimning) sa’yi bilan oʻlturdilar”. Husayn Boyqarodan oʻn toʻrt oʻgʻil va oʻn bir qiz qolgan edi. Qizlarni hisobga olmasak, bu oʻgʻillarning qaysi biri koʻnglida taxt egallash istagi boʻlmagan? Amir Temur saltanatini kimlar harob qildi? Temurzodalar...

Oila, er-xotinning huquqlari, bir-birlariga mehr-muhabbatlari xususida adoqsiz ravishda fikr yuritish mumkin. Chunki har bir oila - oʻziga xos bir olam. Bu olamning esa oʻziga xos olam-olam quvonchlari, olam-olam tashvishlari, olam-olam muammolari mavjud. Bu muammolarni shariat hukmi asosida hal etish esa oila boshligʻi - erning burchi. Biz shu muammolarni hal etishda unga xolis bir maslahatchi boʻlishga urindik xalos. Endi duoga navbat keldi:
-Yo Rabbimiz Alloh! Bizlarga oila ne’matini berganing uchun Oʻzingga shukrlar qilamiz. Bir-birlarimizga iymonli solih va soliha, oqil va oqila, vafoli, hayoli yor berding, shukr, endi bir-birlarimiz oramizdagi mehr-muhabbatni ziyoda, bardavom qil. Kimning oilasida tinchlik-totuvlik yoʻq boʻlsa, erning ham xotinning ham koʻngillarini Qur'on nurlari bilan nurlantirib, xonadonlariga osoyishtalik ber. Xiyonatkor er yoki xotinlarga insof berib, ularni iblis yoʻllaridan Oʻzing qaytar. Mehr-muhabbat zanjirlari uzilay deb turgan oilalarni Oʻzing asra. Oʻzing yaratgan bu muazzam hayotda tirik yetimlarning koʻz yoshlari toʻkilmagay. Ota-bobolarimizdan qolgan “Qoʻsha qaringlar” degan xayrli duo bor, bu duolarimizni ijobat et. Yoshlarimiz ongiga, qalbiga oilaning muqaddas ekani haqidagi tushuncha va tuygʻularni singdir. Har bir oilani turli baloyu ofatlardan Oʻzing asra. Omiyn, ya Rab al-olamiyn.

Eng yaxshi doʻst

Mazkur bobda oʻlikni tiriltirguvchi doʻst mehri va tirik qalbni vayron etguvchi doʻst xiyonatlari xususida birgalikda fikr yuritajakmiz, insha Alloh.

Bir ajib qushni koʻz oldingizga keltiringkim, uning qalbi Allohga ishq boʻlsa, qanotlaridan biri ota-onaga, ikkinchisi doʻstga muhabbat va vafodir. Doʻstlik haqida, doʻstlikdagi vafo va xiyonatlar haqida shu qadar koʻp rivoyatlar, hikmatlar bitilgankim, barchasini toʻplab, nashr etilsa dunyoning qogʻozlari yetmas ehtimol. Kishining hayotida tish oʻtmas muammolar koʻp. Shulardan biri aynan doʻst topish, doʻst tanlash muammosidir. Kishi umri davomida adash yoʻllarda koʻp qoqiladi. Eng koʻp qoqilish doʻst koʻchasida boʻladi. Kishi oʻlguniga qadar koʻp doʻst topmaydi, ammo koʻp doʻst yoʻqotadi. Nega shunday? Bunga kim aybdor? Kishining oʻzimi yo doʻstmi?

Koʻnglimiz hamisha vafoli doʻst tilaydi. Ayni damda kimdir bizning doʻstligimizga, sadoqatli doʻstligimizga muhtoj. Birorta doʻsti boʻlmagan odam dunyoda yashamasa ham boʻladi. Biz doʻst deb yurganimiz dushmanlik chodiriga burkanib olsa, aziyatlar chekamiz, ammo oʻzimiz ba’zan bilib, ba’zan bilmay boshqa bir odamga dushmanlik qilib yurganimizni anglaymizmi? «U yomon odam, shuning uchun menga dushman», deymiz. Ehtimol oʻzimiz yomondirmiz, ehtimol doʻstlik burchi nima ekanini yaxshi anglamagandirmiz, ehtimol yaxshi doʻst tarbiyasini chetlab ulgʻaygandirmiz?

Shu yoshimizga yetguncha topgan va yoʻqotgan doʻstlarimizni bu onda bir-bir koʻz oldimizga keltiraylik. Ularning fazilat va illatlarini eslaylikda soʻng oʻzimizga savol beraylik: «shu fazilat menda bormi, bu illatdan qutula olganmanmi?» Rasululloh (s.a.v.) «Alloh nazdida eng yaxshi doʻst deb odamlarga doimo xayrli ishlarni qilib yuruvchi kishiga aytiladi», - deb marhamat qilganlar. Ya’nikim, doʻstlarning yaxshirogʻi hamdamlarini oʻz shafqati soyasida tutar va karam eshigini ular yuziga ochib qoʻyar, tilaklarini va hojatlarini yuzaga chiqarar. Biz shundaymizmi? Yoki doʻst deb yurganimiz bir guruh kishilargagina yaxshilik qilish bilan cheklanamizmi?

Savollar koʻp... Javob oʻylash barobarinda hikmatlardan quvvat olaylik-chi...

Doʻstlikning avvali - tanishmoqlikdir. Ta’bir joiz boʻlsa, tanishish - doʻstlik manziliga olib boruvchi bir yoʻldir. Agar bu yoʻldan toʻgʻri bormay, poyontir-soyontir, egri-bugri qadam tashlansa, gʻiybat, igʻvo, hasad ariqlaridan suv ichib turilsa, oʻrtada dushmanlik paydo boʻlishi shubhasizdir. Bir kishi bilan tanishib, uni doʻstlikka qabul qilishda gʻoyat ehtiyotkorona harakat qilish kerak.

Doʻst yoʻlidagi bogʻlardan biri - yaxshilikni e’tirof etishdir. Ya’ni doʻstning doʻstga qilgan yaxshiligini tan olishdir. Agar bu yoʻlda minnat daraxti soyasida rohat qilinsa doʻst manzilidagi koʻshkka umid qilmay ortga qaytavergan ma’qul.

Yoʻl berish - tabiiyki, har qanday ahil doʻst orasida tortishuv boʻladi. Shunday hollarda mayda-chuyda narsalarga oʻralashib, kishi doʻstdan ajrab qolishi hech gapmas. Demak, ikkovdan biri yoʻl berishi shart. Doʻstlik olamida kibr quyoshidan bahra olish mukofoti - yulduzsiz tundir.

Xush muomala - doʻstlik bogʻidagi daraxtlarga hayot suvi beruvchi bir chashmadir. Shirinsoʻzlik, ochiq yuzlik, goʻzal ifoda, tavozu', muloyimlik, tilni ma’nosiz behuda soʻzlardan tiyishlik kabi goʻzal xulqlardan xushmuomala hosil boʻladikim, bu dushmanlik sahrosidan yopirilajak ofatlar yoʻlini toʻsmoqlikka qodir boʻlur.

Doʻstga muhabbatning haqiqiy tarjimoni ixlos sanaladi. Doʻstga xayrixoh boʻlish, kerakli vaqtda uning manfaati yoʻlida xizmat qilish buni isbot etadi. Muhabbat ixlosga teskari emas, aksincha uni quvvatlaydi, chunki ikki doʻst orasidagi muhabbatdan maqsad - bir-birlariga manfaat yetkazib yordamlashishdir. Agar ikki doʻstdan birisining koʻnglidan bu chiqib ketsa, uning muhabbati faqat munofiqlik, riyokorlikdan iborat boʻlib qoladi.

Bir kishi pulga muhtoj boʻlib doʻstining uyiga keldi-da murodini aytdi. Hijolatligi tufayli doʻstining taklifini qabul qilmadi, uyiga kirmadi. Doʻst ichkari kirib aytilgan pulni olib chiqib berib, birodarining koʻnglini koʻtaradigan, hijolatlikdan holi qiladigan oqil soʻzlarni aytdi. Muddaosi hosil boʻlgan kishi iziga qaytgach, doʻst uyiga kirdi-yu, yigʻlay boshladi. Xotini «erim koʻproq pul berib yuborib, achinib yigʻlayapti shekilli», - degan xayolda «Biror narsani bahona qilib pul bermasdan qaytarib yuborsangiz boʻlmasmidi, endi pushaymonligingizdan nima foyda?» - deb ta’na qildi. Shunda doʻst dedi-ki:
-Yigʻlayotganim sababi sen oʻylagancha emas, meni gʻaflat bosibdi, doʻstim pulga muhtoj boʻlib qolganini bilmabman. U kelib soʻramasidan avval oʻzim borib, mushkulini oson qilishim kerak edi. Doʻstning hojatidan bexabar menday gʻofilning doʻstligidan Alloh rozi boʻlarmikin?

Qarz soʻrash jarayoni doʻstlik koʻchasidagi ogʻir va nozik muammolardan, ayni paytda jiddiy sinovlardan sanaladi. Pul goʻyo oʻtkir qilich, doʻstlik zanjirlarini uzishga, doʻstlikning buzilmas imoratini barbod etishga ham qodir. Qarz soʻrash boshlansa zaif doʻstlik iplari uzilib boraveradi.

Bir odamning qadrdon uch doʻsti, taqdir taqozosi bilan uch shaharda yashar edi. U doʻstlarining sadoqatini sinamoqni xayol qildi. Avval biriga xizmatkorini joʻnatdi. Xizmatkor xojasining ishi yurishmay, qarzga botganini aytdi. Doʻst uni yupatib, u aytgan qarzni toʻlashga yetgulik miqdordagi pulni berib, iziga qaytardi. Sinovchi doʻst birodarining bu karamidan quvonib, xizmatkorini ikkinchi shaharga joʻnatdi. Ikkinchi shahardagi kishi ham doʻstining qarzga botganini eshitib gʻoyat qaygʻurdi. Ertasiga xizmatkorning qoʻliga qarzni qoplaydigan va yana oʻn yil davomida tirikchilikka asqotadigan mablagʻ berib joʻnatdi. Sinovchi doʻst bundan ham quvondi, shunday doʻstlarni berganiga Allohga shukrlar qildi. Uchinchi shaharga joʻnatishdan oldin xizmatkoriga qattiq tayinladi:
-Bu doʻstim badavlat emas, oʻzi olim odam. Unda ilmdan boshqa narsa yoʻq. Shu sababli «xoʻjayinimning ahvoli xarob, katta qarzga botgan», deb vahima qilma. «Ishlari yomon emas, faqat besh tangagina qarzlari bor, Xudo xohlasa yaqin kunlarda qarzdan qutilib, ishlari avj olib ketadi», - degin.

Xizmatkor olim doʻst huzuriga borib xojasining buyurganini bildirdi. Olim doʻst bu xabarni eshitib, boshini egdi. Soʻng oʻrnidan turib, tashqariga chiqdi. Xizmatkor oʻtirgan uyiga nazar soldi: yirtiq palosu eski koʻrpachadan boshqa hech vaqo yoʻq ekan. «Hech boʻlmasa besh tangasi bordir», deb oʻtirganida uyga notanish odam kirdi-da:
-Xojasi besh tanga qarz boʻlib qolgan xizmatkor senmisan? - deb soʻradi.
-Ha, - deb javob berdi xizmatkor.
-Mana senga besh tanga, buni shu uy egasi berib yubordi.
-Oʻzlari qanilar?
-Oʻzi menikida. U qul bozorida oʻzini menga besh tangaga sotdi.

Bu gapdan xizmatkor ham ajablandi ham dahshatga tushdi. Quldorga ergashib uning uyiga bordi va olim doʻst qarshisida tiz choʻkib:
-Unday qilmang, pulni qaytarib beraylik, - deb yalindi.
-Men bu odam bilan shartlashib, besh tanga evaziga besh yil ishlab berishga va’da berganman. Va’damga xilof qila olmayman. Doʻstimni muhtojlikdan qutqarish uchun besh yil ishlab berish men uchun hech gap emas, - degan ekan olim doʻst.

Mazkur rivoyatni bir davrada hikoya qilib berganimda kimdir dedi-ki:
-Oʻsha sinayotgan odam bu birodarining qashshoqligini bilar ekan, oʻzi unga yordam bersa boʻlmasmidi?

Bu savolda oʻzimiz uchun ikki ibrat bor:
-olim oʻzini qashshoq sanamaydi, chunki uning ilmi bor. U ilmni har narsadan ustun qoʻyadi, birodarining yordamini qabul etmaydi. Badavlat birodarlari hisobiga yashasa u olim boʻlmaydi. (Shu oʻrinda oʻtmish sovet jamiyatida yoshlarga ibrat qilib koʻrsatilgan Marks va Engelʼs doʻstligidan bir voqeani eslaylik: Qalligʻi vafotidan qaygʻurgan Engelʼs boshqa shahardagi doʻstiga bu fojiani xabar qilib xat yozadi va bu mazmunda javob oladi: «Tirikchilikka pulim qolmadi, menga pul yubor».)
-boshqani sinamoqchi boʻlgan odam avval oʻzini sinab koʻrishi kerak.

Bu dunyoning odamlari bir-birlariga mahram boʻlishni istasalar doʻstlik yoʻlida oʻz aziz jonlarini ham ayamaydilar. Bunday odamlar sadoqatli asl doʻstlardir. Lekin bu dunyoda shunday toifa odamlar ham borki, ular yolgʻiz oʻz vazifalarini yaxshilamoq, qoʻlga bir narsa kiritmoq, yaxshi kun kechirmoq uchun doʻst boʻladilar. Bunday odamlar mol-davlat doʻstlaridir. Ular qushlarni toʻydirish uchun emas, tutish uchun don sepadigan ovchiga oʻxshaydilar. Doʻsti uchun jonini fido etadigan odamlarning qadr-qimmati molini fido etuvchidan juda va juda yuksakdir. Rivoyatdagi olim doʻstni ana shu yuksak martabada koʻramiz.

Doʻstlar ikki xil boʻladilar: birinchilari - oʻz ixtiyorlari bilan samimiy doʻst boʻlganlar. Ikkinchilari - majburiyat va zaruriyat yuzasidan ahdu-paymon bogʻlaganlar. Bularning maqsadi foyda koʻrmoq va zarardan qochmoqdir. Lekin samimiyat va sadoqatga asoslangan doʻstlik hamisha, har yerda va har sharoitda ishonchli boʻladi. Zaruriyat va majburiyat natijasida paydo boʻlgan doʻstlik esa unday boʻlmaydi. U daryo kabi goh toshib, atrofni bosadi, goh qurib, suvi ozayib qoladi. Zaruriyat yuzasidan paydo boʻlgan doʻstlikka ishonish durust emas. Zaruriyat oʻrtadan koʻtarilishi zamon doʻstlik adovatga aylanishi ehtimol. Demoqchimizkim, olim agar zaruriyat tufayli doʻst boʻlganida oʻzini besh tangaga sotmas edi.

Qargʻa, ohu, sichqon va toshbaqa doʻst edilar. Ittifoqo ohu yoʻqolib qoldi. Qargʻa osmonga uchib, uni qidirdi. Qarasaki, ohu ovchining toʻriga oʻralib, azob chekib nolalar qilyapti. Qargʻa sichqonni fojia yeriga boshladi. Sichqon toʻr arqonlarini qirqdi, ohu ozod boʻldi. Shunda ohu doʻsti toshbaqaga qarab, ajablanib soʻradi:
-Sen nega kelding? Ovchi bu yerga qaytsa, sichqon, teshikka kirib berkinadi, qargʻa osmonga koʻtariladi. Toʻrdan qutuldim, endi men ham qochib qutula olaman. Sen-chi?

Toshbaqa bu gapni eshitib boshini chayqaganicha debdi-ki:
-Birodar, qanday qilib kelmayin? Doʻstlardan uzoqda, firoq va hijronda kechgan hayotning nima lazzati bor? Qanday aqlli odam ayrilmoqni afzal koʻradi? Baxtsizlik yuz berganida odamga tasalli beradigan, ogʻir kunlaringda dardingni yengil qiladigan doʻstlar bilan birga boʻlish lozim. Hijron oʻtida yongan, doʻstlardan uzoqqa tushgan odamning dili hamisha gʻam va alam bilan toʻla, sihatlik uning vujudidan yiroq boʻladi. Sabr va qanoat uni tark etadi. Aql va kamolot oʻz kuchini yoʻqotib, foydasiz boʻlib qoladi... Doʻstdan ajralishdan ham ogʻirroq musibat bormi dunyoda? Firoq alangasi yetti daryoni quritadi...

Rivoyatdan olinajak fikr shuki, shijoatli va kuchli botirlar urushda, xotin va farzandlar kambagʻallikda, doʻstlar boshga kulfat tushganda taniladilar.

Hayvonlar dunyosini tark etib, oʻzimizning hayotga nazar tashlaylik-chi, nimalarni koʻrar ekanmiz:

Bir yigitning boshiga ish tushib, boyligidan ajraldi, oʻzi esa qamaldi. Shunda uning xotini har haftada oshxoʻrlik qiluvchi ulfat-doʻstlardan yordam kutdi. Doʻst qamoqda, oshxoʻrlik oʻsha-oʻsha davom etardi. Oshxoʻr ulfatlar bolalikdan birga katta boʻlgan oʻrtoqlarini eslab qoʻyish bilan doʻstlik burchlarini ado etardilar goʻyo. Toʻgʻri, ular sichqon kabi toʻr arqonlarini qirqib doʻstlarini tutqunlikdan qutqara olmaydilar. Ammo faqat odam bolasiga xos fazilat -tutqunlikdagi doʻstning ota-onasi, oilasidan xabar olib turish-chi? Qamoqdagi doʻstning xotini erini qutqarib olish umidida yelib-yugurardi. Ittifoqo avtomashinasi buzilib qolib, erining eng yaqin doʻsti hisoblangan odamnikiga borib iltimos qildi:
-Kunda besh-oʻn idoraga uchrashishga toʻgʻri kelyapti, mashinasiz ulgura olmaydiganga oʻxshayman. Temirni qizigʻida bosmasa, armonda qolamiz shekilli. Mashinangizni ikki-uch kunga berib tursangiz.

Doʻst xotinning iltijosiga javoban shunday dedi:
-Birov mening xotinimni soʻrasa berib turishim mumkin, ammo mashinani berib tura olmayman.

Toʻgʻri, mashinani birovga berish qonunga zid, dersiz. Lekin koʻngil toza boʻlsa shu mashinani «ishonch qogʻozi» bilan ham berib turish mumkin-ku? Yoki agar u chin doʻst boʻlsa «bir-ikki kun emas, qancha lozim boʻlsa oʻzim mashinam bilan xizmatingizda boʻlaman», demasmidi? «Ulfat», «oshna» degan tushunchalar bor. Choyxonadagi oshga yoki uydagi «gap»ga kelmaganlardangina qilamiz, bunday ulfatga qoʻshilmaganlardan hatto nafratlanamiz. Ammo qoʻpolroq boʻlsa ham bir haqiqat bor: ot va eshak bir ohurda xashak yesalar ham doʻst boʻlmaydilar.

Bir odamning afsus bilan aytib bergan hikoyasiga siz ham guvoh boʻling: ikki yigit. Ikkovi ham badavlat otaning erka farzandi. Biriga otasi «Mersedes» in'om etib, ulfatda «yuvildi». Ziyofatdan qaytishda ularning biri halokatga uchradi: mashinasi pachoq boʻldi, oʻzi ogʻir jarohatlandi. Uning izidan kelayotgan doʻst - yangi «Mersedes» egasi toʻxtadi. Doʻstining ahvolini koʻrib, mashina toʻxtata boshladi. Bu voqeani hikoya qilayotgan odam mashinasini toʻxtatganda yigit: «doʻstimni shifoxonaga olib boring, men izingizdan yetib boraman», deb pul tutqazdi. U odam esa «Bu qonga belanib yotgan yigit doʻstingiz ekan, oʻzingizning mashinangiz bor ekan, har nafas gʻanimat-ku, nega oʻzingiz olib bormay, mashina toʻxtatmoqchisiz?» deb soʻrasa «doʻst» debdi-ki: «Ie amaki, mening mashinam yangi-ku, uni oʻtqizsam qon boʻladi-ku?»

Bu hikoyaga izoh shart boʻlmasa kerak. Yana bir voqea xususida esa ehtimol bahslashishga ham toʻgʻri kelar. Ammo undan avval ibrat sifatida bir masal bilan tanishsak:

Bir xushmanzara, ajoyib chamanzordagi baland daraxt ustida qargʻaning ini bor edi. Bir kuni ovchi shu daraxt atrofiga don sochib toʻr yoydi. Qargʻa buni koʻrib oʻylandi:
-Bu odam bir baloni boshlayapti. Kimni toʻrga solish qasdida ekan? Meni tutmoqchimi yo boshqanimi? Oʻz joyimda qimir etmay turay, qani nima boʻlar ekan?

Shu onda kabutarlar uchib keldilar. Ularning boshligʻini Chinkabutar der edilar. U gʻoyat zehnli, chaqqon edi. Kabutarlar donni koʻrgach, ehtiyotkorlikni unutdilar va toʻrga ilindilar. Kabutarlar patillab, jonlarini xalos qilish uchun bir-birlariga urilaverdilar. Shunda Chinkabutar dedi:
-Vahimaga tushmanglar. Har biringiz oʻzingizni emas, hammaning baravariga xalos boʻlishini oʻylanglar. Biz baravariga parvoz qilamiz.

Kabutarlar uning aytganini bajarib koʻkka koʻtarildilar. Ovchi ularning ortidan yugurdi. Qargʻa esa oʻz-oʻziga dedi:
-Men bularning ortidan borib, ish nima bilan tugashini koʻray, chunki shunday tashvish ertami kechmi mening boshimga ham tushishi ehtimol. Boshqalarning boshiga tushgan hodisadan oʻzi uchun ibrat olganni hushyor va farosatli deydilar.

Ovchining izma-iz yugurib kelayotganini koʻrgan Chinkabutar yoronlariga dedi:
-Bu surbet ovchi bizdan voz kechadiganga oʻxshamaydi. Agar koʻzidan gʻoyib boʻlmasak, bizdan koʻngil uzmaydi. Ochiq joyga emas, daraxtzorlarga borib qoʻnaylik, shunda u bizlarni topa olmay iziga qaytib ketadi. Shu yaqin orada mening bir sichqon doʻstim bor, unga aytsam bu toʻrni qirqadi va biz ozod boʻlamiz.

Kabutarlar u aytgan tomonga uchdilar. Ovchi ularni yoʻqotib, iziga qaytdi. Qargʻa esa ular izidan uchib boraverdi. Chinkabutar aytgan daraxtzorga uchib keldilar. Sichqonni chaqirdilar. Ismi Ziyrak boʻlgan bu sichqon juda aqlli va chaqqon edi. Biror falokat yuz bersa qochib chiqib ketish uchun inidan anchagina teshikchalar ochib qoʻygan, bir necha kunga yetarli ozuqa ham gʻamlagan edi. Doʻstining ahvolini koʻrib Ziyrakning koʻzlari yoshlandi. “Seni kim bu ahvolga soldi?”-deb soʻradi. Chinkabutar doʻstiga shunday dedi:
-Yaxshilik ham yomonlik ham taqdirdan. Kimning peshonasiga nima yozilgan boʻlsa, ertami kechmi, shu narsa uning boshiga keladi, undan qochib qutulib boʻlmaydi... Qismat bizni bu balo girdobiga soldi. U bizga don koʻrsatib koʻzimizni bogʻladi va aqlimizni qora pardaga chulgʻadi. Hammamiz balo zanjiriga bandi boʻlib, baxtsizlik changaliga tushdik. Mendan koʻra quvvatliroq va sha’n-shavkatliroq boʻlganlar ham qismatdan qochib qutula olmaganlar. Vaqti-soati kelganda kun va oy tutiladi, baliq daryo tagidan yuzaga qalqib chiqadi, qush osmon bagʻridan yerga tushadi, nodonlar maqsadga yetadi, aqllilar ojiz qoladilar.

Ziyrak bu soʻzlarni eshitgach, Chinkabutarni oʻrab turgan toʻr iplarini qirqa boshladi.
-Avval doʻstlarimni oʻrab turgan iplarni qirqqin, - dedi Chinkabutar. Ziyrak uning gapiga e’tibor qilmadi. Shunda Chinkabutar unga yalindi: - Ey aziz doʻstim, sen birinchi galda oʻrtoqlarimni banddan ozod qil.
-Sen oʻz joningni xalos etishni istamaysanmi, yashashga sening haqqing yoʻqmi? - dedi Ziyrak.
-Men ularga rahbar boʻlishni oʻz zimmamga olganman,-dedi Chinkabutar. - Shuning uchun ularning menda haqlari bor. Ularni asrash mening burchimdir... Buning ustiga men ularning harakati va yordami tufayli ovchining ta’qibidan xalos boʻldim. Endi men ham oʻz burchimni ado etib, oʻzimdan avval ularni qutqazishim kerak. Yana shunisi borki, sen meni oʻrab turgan iplarni qirqa boshlasang charchab qolishing va oqibatda doʻstlarim toʻrdan qutula olmay halok boʻlishlari mumkin. Lekin men toʻrda ekanman, sen qanchalik charchamagin, baribir, meni bu toʻrda qoldirmaysan. Tushungin, hammadan oldin oʻzimni qutqarsam, umrim ta’na va malomat tamgʻasi ostida oʻtadi. Men bunga chiday olmayman.
-Bu muruvvatli va insofli odamlarning xosiyatidir. Bu xosiyat doʻstlarning senga boʻlgan ishonchi va muhabbatini yanada mustahkamlaydi, - sichqon shunday deb boshqa kabutarlarni oʻrab turgan iplarni qirqa boshladi. Shu tarzda kabutarlar ozod boʻlib, Ziyrakka minnatdorlik soʻzlarini aytdilar-da, uchib ketdilar. Bu voqeani kuzatib turgan qargʻa esa sichqonning mahoratiga qoyil boʻlib, “kabutarlar boshiga tushgan tashvish mening boshimga ham tushishi mumkin, menga bunday doʻst bugun boʻlmasa ertaga kerak boʻlib qoladi”, - degan fikrda u bilan doʻstlashmoqni istadi. Pastga tushib sichqonni chaqirdi va maqsadini aytdi. Sichqon unga dedi:
-Sen bilan mening oʻrtamda hech umumiylik yoʻq. Binobarin, doʻst boʻlishimiz ham mumkin emas. Nodonlar ahvoliga tushmaslik va hikmat ahliga kaltafahm boʻlib koʻrinmaslik uchun aql egalari mumkin boʻlmagan narsalarni orzu qilmasliklari kerak. Quruqlikda kemadan, dengizda esa otdan foydalanishni istaganlar oʻzlarini kulgili holga solgan boʻladilar. Sen bilan mening oramizda qanday muhabbat boʻlishi mumkin? Axir men sening taomingman, demak, sening yoningda bir lahza boʻlsa-da, tinch va bexavotir yashay olmayman. Kimki oʻz tengi bilan boʻlmasa oxirda pushaymon yeydi...

Endi va’da qilganimiz yana bir voqea:

Bolalikdan birga katta boʻlgan ikki doʻst tijorat bilan shugʻullanmoqchi boʻlishdi. Biri qaerdandir arzon-garovga shampan vinosi olib, xaridor topish maqsadida bozorga kelishdi. Mashina egasi boʻlmish doʻst doʻkondor bilan savdolashmoq maqsadida ichkari kirdi. Ikkinchisi koʻchada qoldi. Oʻzicha savdo qilib koʻrmoqchi boʻlib, mashinadan uch-toʻrt shisha vino olib koʻchaning oʻzida sotuvga qoʻyganda militsiya xodimlarining qoʻliga tushdi. Doʻkondan chiqqan mashina egasi doʻstining bu ahvolini koʻrgach, «men bu odamni tanimayman», deb joʻnab qoldi. Uni qutqarishga harakat ham qilmagani doʻstga xiyonat emasmi? Vijdonan qaralsa shunday. Lekin masalaga iqtisodiy tomondan ham qarash bor ekan. Doʻstlar davrasida, ya’ni «ulfat gap»ida bu voqeadan xabar topganlardan biri birinchi doʻstni aybladi. Ammo u doʻst aybiga iqror boʻlmadi. «Men unga koʻchada sot, dedimmi? Oʻzining axmoqligi uchun oʻzi javob berishi kerak», - dedi. Orada bahs boshlanganida tijorat ilmidan yaxshi xabardor doʻstlarning biri orani ochiq qildi. «Bu doʻstimiz ketib qolib toʻgʻri qilgan, - dedi u, - agar shu mening doʻstim desa, milisa uni ham ushlardi. Milisadan qutilish uchun ikki hissa pul toʻlash kerak boʻlardi».

Siz bu hukmga qanday qaraysiz?

Iqtisodiy manfaat bor joyda doʻstlikka oʻrin yoʻqmi? Doʻstlik oʻrnini bevafolik egallaydimi? Ehtimol savolimizga bu rivoyat javob berar? Ma’lumingizkim, bevafo doʻstlar haqida koʻp rivoyatlar bitilgan. Qadim fozillaridan birining hikoyasi bilan tanishsak:

“Xorazmga safar qilganimda bir kishi menga yoʻldosh boʻldi. Uni yedirib-ichirib yurdim. U esa menga nisbatan boʻlgan muhabbatini, samimiy doʻstligini tinmay soʻzlardi. Yoʻlda bizga bir it ham hamroh edi. Ovqat qoldiqlarini men itga berib turardim.

Yoʻlda ikki oʻgʻri bizga hujum qildi. Yoʻldoshim oʻgʻrilarni koʻriboq, meni yolgʻiz tashlab qochib ketdi. It esa meni himoya qildi. Bir oʻgʻrining oyogʻidan tishlab yiqitdi, taladi, oqibatda oʻgʻri arang qochib qoldi. Ikkinchi oʻgʻrini men oʻzim magʻlub etdim. Shunday qilib, itning yordamida oʻgʻrilardan qutuldim. Hamrohim oʻgʻrilarning qochganini koʻrib yonimga qaytdi, riyokorlik qilib, holimni soʻradi. Men esa “Sen kabi doʻstdan shu vafoli it yaxshiroq”, deb uni yonimdan nari quvdim.

Bizningcha, iymonga suyanmagan birodarlikda yaxshilik yoʻqdir. Bu otasining mol-mulkini sovurgan shahzodani eslatadi. Deydilarkim, bir shahzoda otasining vafotidan keyin yurtni idora qilishni unutib, doʻstlari bilan ayshu-ishratga berilibdi va tez muddatda xazinani koʻkka sovuribdi. Bu holdan xabar topgan bir qarindoshi vaziyatdan foydalanib, mamlakatni bosib olibdi. Podshohlikka havasi yoʻq shahzoda bunga parvo qilmay toju-taxtni topshiribdi-da, oʻzi oʻsha tekinxoʻr doʻstlari bilan yallo qilib yuraveribdi. Oxir-oqibat bor-yoʻgʻidan ajrab, kafangado boʻlgach, eski yor-doʻstlaridan birortasi uning holidan xabar olmabdi, aksincha barchasi undan yuz oʻgiribdi. Shahzoda har kuni bozor boshiga chiqib oʻtirar, otasining sodiq gʻulomlaridan biri uning qornini toʻygʻizar ekan. Bir kuni sobiq doʻstlari uni mazax qilish maqsadida ziyofatga taklif etishibdi. Hammalari kayfu safoga berilganlarida it kelib goʻshtni koʻtarib ketibdi. Doʻstlar “Bu shahzodaning ishi, necha kunlardan beri goʻshtning aftini koʻrmagani uchun koʻzi ochlik qilib yashirib qoʻygan”, deb malomatlar qilishibdi. Shahzoda “goʻshtni men olganim yoʻq”, deb qancha ont ichmasin, ishonishmabdi. Malomatdan ezilgan shahzoda parishon holda doʻstlari davrasidan chiqib ketib, qon-qon yigʻlabdi. Uning bu holini koʻrib qolgan enagasi “Bolajonim, senga nima boʻldi?” - deb soʻrabdi. Shahzoda ahvolini bayon qilibdi. Shunda kampir podshohning vasiyatini yetkazish vaqti kelganini anglab shahzodaga uchta maktub beribdi. Birinchisida aytilishicha, falon yerdagi kaptarxonaga oʻn ming tilla yashirilgan ekan, ikkinchi maktubdagi bayonga koʻra falon shahardagi falonchi ismli kishiga oʻn ming tilla berib qoʻyilgan ekan. Uchinchi maktubda piston shahardagi pistonchi ismli kishiga oʻn ming tilla tanga omonatga berib qoʻyilgani bildirilgan ekan. Shahzoda bu pullarni olib, birovga muhtoj boʻlmasdan yashay boshlabdi. Uning ishlari yurishib qolganidan xabar topgan eski joʻralari yana xira pashshaday paydo boʻlishibdi. Shahzoda bir kuni ularni ziyofatga chorlabdi. Ular kelgunga qadar toshtaroshni chaqirtirib, katta bir tegirmon toshini ilma-teshik qilib teshdirib, koʻzga koʻrinarli joyga qoʻyibdi. Ziyofatga kelgan joʻralar bu toshni koʻrib, “unda qanday hikmat bor ekan?” deb ajablanishibdi. “Otam zamonida, - debdi shahzoda, - arabistonlik odam bir talay chumoli olib kelgan ekan. Oʻsha chumolilar shu toshni ilma-teshik qilib tashlashibdi”. “Shunday boʻlgani aniq, - deyishibdi joʻralar, - biz ham shunaqa chumolilar borligini eshitganmiz”.

Bu soʻzlarni tinglagan shahzoda oʻzicha shunday debdi:

“Ana xalos, bir burda goʻsht uchun oʻsha kuni qancha qasam ichsam ham, bularning hech qaysisi menga ishonmagan edi. Hozir aql bovar qilmas yolgʻonni aytsam, barchalari tasdiqlab oʻtirishibdi. Demak, bularning barchasi yaxshi kunimdagina paydo boʻladigan doʻstlar ekan. Menga esa yomon kunimga yaraydigan, nonim uchun emas, jonim uchun doʻst boʻluvchilar kerak...”

Odamning hayotda doʻstlari koʻpday tuyuladi. Ammo oʻzini doʻst deb yurganlarning yuzdan saksoni manfaat doʻstlari, desak fikrimizga qoʻshilasizmi? Bilasiz, qogʻoz pullarning, hatto duru javharlarning sun'iylari, qalbakilari uchrab turadi. Ularni maxsus moslamalar saralab berishadi.

Hayotda soxta doʻstlarni saralaydigan moslama yoʻq, har kim oʻz zehni, hayotiy tajribasiga qarab ajratib oladi-yu, ammo ajratib olgunicha koʻp aziyatlar chekishi ham mumkin. Hayotda uchrab turadigan tahlikali va musibatli kunlarning foydali tomoni shundaki, bir-birlarini tanimagan odamlarning tanishib, doʻst boʻlishlariga yoʻl ochib beradi. Ayni choqda doʻstning sadoqatini sinaydi. Doʻstlarga manfaat yetkazmasdan ulardan manfaat kutish, yerga urugʻ sepmasdan turib, don olishni tama’ qilish kabi ma’nosizdir. Mashoyixlar “Kishi yondirmayin suhbatda shamni, yorugʻlikning nishonin koʻrolmas”, deb bejiz aytmaganlar. Sa’diy Sheroziydan bir hikmat bor: “Bir azizdin ixvoni safo siyratidin soʻrdim, ya’ni qarindosh va aqrabo va oshnolar haqida na tariqa ravish va na yangligʻ ish qilmoq munosibdur?” Ul aziz dedi: “Adnosi ulkim, yorlarning xotiri murodni oʻz murodidan muqaddam tutgʻaylarkim, hakimlar va donishmandlar debdurlar: “Har birodarkim, oʻz ishining bandidadur, birodar emastur”. Deyilmoqchikim, doʻstlarning murodu manfaatlarini oʻz manfaatingdan ustunroq qoʻy, agar kishi faqat oʻz maqsadlari va ishlari bilan band ekan, undan doʻstlik kutma.

Oʻz nafsini oʻylab qilingan doʻstlikka juda tez soya tushadi. Deydilarkim, doʻstni foyda-zarar ichida sinamoq kerak. Ya’ni, sen doʻsting uchun oyoq qoʻysang, oʻzingni mahkam tut. Doʻstning haqiqiy dilini bilmoqchi boʻlsang, sinash uchun unga tilingda gʻazab qilib yoki qovogʻingni solib koʻr. Doʻstning senga qanchalik muhabbati borligini bilmoqchi boʻlsang, uning eng yaxshi koʻrgan narsasini soʻra. Shu ikkalasidan soʻng ham u qovogʻini solmasa, bunday doʻstni boshga koʻtarish, shirin jon bilan barobar tutish kerak. Bir kuni tasavvuf ilmining ulugʻlaridan boʻlmish Shibliy hazratlari (Allohning rahmati boʻlsin) huzurlariga bir jamoat keldi. Soʻradilarkim: “Sizlar kimsizlar?” Ular dedilarkim: “Bizlar sizning doʻstlaringizmiz!” Bu javobni eshitgan Shibliy hazratlari oʻgirildilar va ularga qaratib tosh otdilar. Ular qocha boshladilar. Shunda hazrat dedilarkim: “Nega qochyapsizlar? Agar sizlar haqiqiy doʻstlar boʻlsaydingizlar, mendan kelgan balodan qochmas edingizlar!”

Bir donishmanddan “Qancha doʻstingiz bor?” deb soʻradilar. Javoban dediki:
-Buni bilmayman. Hozir turish-turmushim yaxshi. Umrim farovonlik bilan kechib turibdi. Shuning uchun hamma menga xushomad qilib, oʻzlarining doʻst ekanliklarini bildirib turibdilar. Mabodo davlatim qoʻlimdan ketsa, u choqda qancha samimiy doʻstim borligini bilib olaman.

Horun Rashid Bahluldan “Eng yaqin doʻsting kim?” - deb soʻradilar.
-Qornimni toʻydirgan kishi, - deb javob berdi Bahlul.
-Qorningni toʻydirsam, meni ham doʻst deb bilasanmi? - deb soʻradilar Horun Rashid.
-Doʻstlik ham nasiya boʻladimi? - dedi Bahlul.

«Bu odamni tanimayman», degan «doʻst» va uning harakatini oqlagan ulfat bu hikmatlarni va endi bayon qilinajak masalni bilsa, magʻzini chaqsa ehtimol boshqacha xulosaga kelarmidi? Siz ham tanishing:

Tuya bilan tulki har ishda hamdam va hamdard boʻlishga ahdu paymon qilishibdi. Bir kuni tulki ov qilib yurib, sherga duch kelibdi. Sher unga tashlanmoqchi boʻlganida tulki unga yolboribdi:
-Ey hayvonlar sultoni! Menga shafqat qiling, buning evaziga shu yaqin oʻrtada oʻtlab yurgan aziz doʻstim tuyani koʻrsatay. U sergoʻsht, men esam qoqsuyakman.

Tulki tuyani koʻrsatibdi. Ammo sher avval uning oʻzini burdalab yeb, soʻng tuyaga tashlanibdi.

Qissadan hissa shuki: doʻst tanlashda shoshilmaslik kerak. Avvalo uni sinab soʻng e’timod etmoq darkor. Kishi doʻstlik iplarini bevafolik, gʻaddorlik boltasi bilan uzmasinki, oʻz boshiga ham xiylagar tulkining kuni tushgay. «Kimki doʻstlikni xor aylabdi, uni qismat jazolagay» -deyishlari bejiz emas.

Tulki toifasidagi manfaat doʻstlariga ibrat boʻlsin uchun oʻtmishdan bir voqeani yodga olamiz:

Rimliklar ustiga yuborilgan qoʻshin orasidagi Abdulloh ibn Xuzofa (r.a.) asirga tushib qoladilar. Uning Rasululloh (s.a.v.) sahobalaridan ekanini bilgan Rim hukmdori:
-Seni oʻzimga sherik qilib olsam nasroniy boʻlasanmi?-deb soʻradi.
-Faqat sherik emas, butun saltanatingni va unga qoʻshimcha arab yerlarini bersang ham dinimdan kechmayman,-dedilar.

Keyin u kishini gʻoyat azobli qiynoqlar bilan qiynadilar, qoʻrqitdilar. Baribir dinlaridan kechmadilar. Shunda hukmdor: «Agar seni qoʻyib yuborsam, boshimni oʻpasanmi?» - deb soʻradi. Abdulloh ibn Xuzofa: «Bu odam Allohga qanchalik dushman boʻlsa-da, oʻzimni va doʻstlarimni qutqarish uchun boshini oʻpishning zarari yoʻq», - degan fikrda «Bir oʻzimni emas, sheriklarimni ham qoʻyib yuborsang, aytganingni bajaraman», - deb shart qoʻydilar. Abdulloh ibn Xuzofa sheriklari bilan Madinai munavvaraga qaytganlarida hazrati Umar (r.a.) «Abdulloh ibn Xuzofaning boshini oʻpish har bir musulmonga farzdir», - deb birinchi boʻlib oʻzlari oʻpdilar.

Doʻndamas va Amazak degan yigitlarning doʻstligi haqida qadim afsona bor. Bu afsonani Aleksandr Makedonskiy tarixchilari yurtimizda boʻlganlarida yozib olganlar va bu tarix kitobi yunonlar diyori kutubxonasida saqlanadi. Ikkinchi asrda yashagan Lukianning «Doʻstlik» deb nomlanmish asarida bu sadoqatli doʻstlik bayoni berilgan. Biz ham tanishaylik, zarar qilmas: Doʻndamas va Amazak qiyomatli doʻst boʻlishga ahd qiladilar. Qabila odatiga koʻra bir-birlarining qonlarini yalaydilar va bu bilan ahdlarini qat'iylashtiradilar. Ular shunday doʻst edilarkim, goʻyo ikki tanda bir jon va bir koʻkrakda ikki yurak kabi... Ahdning toʻrtinchi kuni ularga dushman hujum qiladi. Qabilaning ma’lum bir qismi Sirdaryoni (u paytlarda daryo Tanais deb atalgan) kechib oʻtib jon saqlaydilar. Doʻndamas ham daryodan suzib oʻtadi. Doʻsti Amazak esa qocha olmay, dushman qoʻlida qoladi. U alam bilan faryod urib, doʻsti Doʻndamasni yordamga chaqiradi. Doʻstining nolasini eshitgan Doʻndamas oʻylab ham oʻtirmay oʻzini daryoga tashlab, u qirgʻoqqa suzib oʻtadi. Dushman uni nayzaga roʻpara qilib oʻldirmoqchi boʻlganida «Oltin!» deb hayqiradi. Bu soʻz oʻziga tegishli asirni pul hisobiga qutqarib olishni anglatgani uchun uni oʻldirmay, lashkarboshiga roʻpara qiladilar. Doʻndamas doʻstini ozod etishni soʻraydi. Lashkarboshi esa buning evaziga koʻp oltin talab qiladi. Shunda Doʻndamas:
-Boyligimizni talab ado qilding. Endi mening hech vaqom yoʻq. Doʻstimning oʻrniga meni asir et, istagingni bajaray, - dedi.
-Nega boyligim yoʻq, deysan? Sen bebaho boylik egasisan-ku? - dedi lashkarboshi unga sinovchan tikilib.- Sening shu ikki koʻzing - eng bebaho boyliging, shuni bilmaysanmi? Sen shu ikki koʻzingni doʻsting uchun bera olasanmi? Biz koʻzlaringni oʻyib olaylik-da, sen doʻstingni olib istagan tomoningga joʻna!

Doʻndamas bu shartga koʻndi. Koʻzlarini oʻyib olishayotganda doʻstini qutqarishga erishgani uchun Xudoga shukr qildi. Soʻng ikki koʻzi oʻyib olingani holida doʻstiga suyanib qabilasiga borib qoʻshildi. Amazak doʻstining bu holiga chidamadi. U ham oʻzining koʻzlarini oʻyib tashladi. Shunday qilib ikki doʻst bir-biriga suyanib, doʻst sadoqati haqida dostonlar aytib yer yuzi boʻylab yurdilar... Asrlar oʻtdi, urushlar oʻtdi, qirgʻinlar oʻtdi... Ammo bu voqea unutilmadi. Afsus shuki, buni kam odam biladi. Shu bois farzandlar tarbiyasida bu ibrat chetlab oʻtiladi.

Ehtimol ayrimlarga afsonalar ibrati ta’sir etmas. Unda bugungi voqealardan tinglaylik:

Bu voqea mazkur asar oqqa koʻchirilayotganda yuz berdi. Andijonning Buloqboshi qishlogʻida Muhammad Yusuf hazratlari yashar edilar. Alloh u zotni magʻfirat aylasin. Jum'a xutbasini oʻqiyotganlarida jonlari uzilibdi. Toshkentda Ismoil qori aka degan tabarruk zot yashaydilar. Alloh ul zotning umrlarini yanada barakali qilsin. Birodarlarining vafotini eshitishlari hamon yoʻlga otlanganlar va marhumning farzandlaridan avvalroq yetib borganlar. Yuz yoshdan oshgan bu tabarruk otaxon janozaga bormasalar ham birov u kishidan gina qilmas edi.

Togʻ oshib, necha yuz chaqirim yoʻl bosish mashaqqati u kishiga toʻsqin boʻla olmadi. Chunki zimmalaridagi birodarlik mas'uliyatini har narsadan ustun qoʻydilar. Ehtimol bu oldingi afsonaga nisbatan oddiyroq boʻlib koʻrinar. Lekin shubha yoʻq-ki, lozim boʻlgan taqdirda jonidan ham kechishga tayyor turuvchi insonlar aynan shu iymon egalari kabidirlar.

Mazkur voqeani aytib berishganda Abu Hurayra (r.a.) rivoyat qilgan bir sharafli hadisni esladim. Rasululloh (s.a.v.) shunday rivoyat qilgan ekanlar:

Bir kishi boshqa qishloqda turadigan doʻstini ziyorat qilish uchun yoʻlga chiqdi. Alloh taolo unga bir farishtani yubordi. Farishta undan:
-Yoʻl boʻlsin, qaerga boryapsan? - deb soʻradi.
-Shu qishloqda yashaydigan doʻstimni koʻrgani ketyapman, - deb javob qildi u.
-Doʻsting senga biror yaxshilik qilgan yoki undan biror manfaat koʻrgan boʻlsang kerak-ki, oʻshaning xotirasi uchun borayotgandirsan? - deb yana soʻradi farishta.
-Bizning oramizda manfaat yoʻq. Men uni faqat Alloh taolo uchun yaxshi koʻraman, shuning uchun ham ziyoratiga ketyapman,-deb javob qildi u kishi.

Shunda farishta dediki:
-Men Allohning elchisiman. Alloh taolo meni atay senga yubordi. Sen uni xolisanilloh sevganing uchun Alloh taolo ham seni sevadi.

Ne baxtki, Alloh sevgisiga musharraf boʻlayotganlar bilan zamondoshmiz. Hadisi qudsiyda ta’kid etilganidek: «Ey Odam farzandi! Menga ibodat qiluvchilarni doʻst tutishing Mening senga boʻlgan muhabbatimni yaqin qiladi va ibodat qilmaydigan kishilarni yomon koʻrishing seni balolardan aritadi». Bayon etganimiz u ikki moʻ'tabar zot va ularga oʻxshash birodarlarimizning xolis doʻstliklari Allohning muhabbatini yanada yaqin qilganiga shu Hadisi qudsiydagi va’da dalolat boʻla olar. Yana muhimi shuki, Allohning bu muhabbati faqat shu ikki zot va ularga oʻxshash birodarlarimiz uchungina emas, balki boshqalar uchun ham manfaatlidir. Zero, Hadisi qudsiyda marhamat qilinurkim: «Ey Odam farzandi! Men yerdagi xalqlarga (osiyliklari uchun) azob yuborishni xohlayman. Agar (oʻsha vaqtda) Men uchun bir-birlari bilan doʻstlashib, masjidlarimni obod qilib turganlarga va saharlarda Mendan istigʻfor soʻrab oʻtirganlarga nazarim tushsa, ulardan azobimni qaytaraman». Gunohkor bandalarmiz... Gunohlarimiz uchun jazo olmayotganimizning sababi shu ekanda, a? Abu Dardo (r.a.) bu xususda aytgan ekanlarkim: «Bir musulmon banda oʻzi uxlab yotgan vaqtida gunohi kechiriladi». Buni eshitib Ummi Dardo soʻrabdilarkim: «Bu qandayin gap-ki, oʻzi uxlab yotsa-yu, gunohi kechirilsa?» Javob beribdilarkim: «Bir kishining doʻsti kechasi turib tahajjud namozini oʻqib, Alloh taolodan oʻzining va doʻstining ham gunohini kechirmogʻini soʻradi. Shu duosi tufayli Alloh taolo oʻzining ham, doʻstining ham gunohlarini kechirib yuboradi».

Ey koʻngil! Eslab koʻr, duolaringda doʻstingni tilga olasanmi? Uning hojatini ravo qilishni soʻraysanmi? Dardiga shifo tilaysanmi? Uning gunohlarini magʻfirat etmogʻini iltijo qilasanmi? Oʻzing uchun koʻp, bagʻoyat koʻp narsalarni soʻrashing tayin. Agar doʻsting xastalansa shifo tilashing ham bor. Ammo... «doʻstimning gunohlarini kechir», deb yolborishni unutib qoʻymaysanmi? Ehtimol uning gunoh qilishiga sen ham sababchidirsan? Ehtimol uni gunohdan asrash chorasini koʻrmagandirsan? Hamisha duoda boʻl, ey koʻngil, Alloh doʻstlaringning gunohlarini kechirsin!

Tilimizda «qiyomatli doʻst», «oxirat birodari» degan iboralar mavjud. Buning ma’nosi: Allohning roziligi uchun bu dunyoda bir-birlariga chin, vafoli, sadoqatli doʻst boʻlganlar qiyomatda Arshi A’loning soyasida soyalanib turisharkan. Paygʻambarimiz alayhissalom marhamat qilibdilarkim:

«Mahshar kuni hamma mahshar maydoniga yigʻilganida barcha dahshatli qoʻrquv ichida, barcha qaynoq ter ichida boʻladi. Lekin ba’zi insonlar u kun Arshi A’loning soyasida, koʻkda koʻradigan yulduzlarimizdek yuksakda, nurdan boʻlgan minbarlarda yuzlaridan nur yogʻilib oʻtirishadi. Kiyimlari nurdan, kursilari nurdan... Lekin ular paygʻambarlar emas, shahidlar emas.

«Ular kimlar, yo Rasulalloh!» - deb soʻrashdilar. Dedilarki:

«Ular bir-birlarini Alloh uchun sevgan kishilardir».

Ha, biz bir-birimizni Alloh uchun sevishlikka buyurilganmiz. Bunday sevish musulmonlarni yaqin birodarlikka, xuddi aka-uka kabi munosabatda boʻlishlikka chaqiradi. Rasululloh (s.a.v.) Allohning bu buyrugʻiga toʻla amal qilganlar. Musulmonlar Makkai mukarramadan Madinai munavvaraga hijrat qilishganda Rasululloh (s.a.v.) har bir muhojirni bir madinalik bilan birodar, ya’ni aka-uka tutintirdilar. Yolgʻiz hazrati Ali (karamallohu vajhahu) uchun madinalik topilmadi. Bundan hazrat Ali ma’yuslandilar. Shunda Rasululloh (s.a.v.) «Sen men bilan birodarsan», dedilar. Ham amakivachcha, ham kuyov boʻlganlari holda endi birodarlikning qaror topishi eng buyuk sharaf edi!

Oʻsha onlarda Salmoni Forsiyni (r.a.) Abu Dardo (r.a.) bilan birodar tutintirganlar. Salmoni Forsiy nasroniylikni, majusiylikni biluvchi tajribali kishi edilar. Bir necha muddat nasroniy ruhoniylar xizmatida ham boʻlganlar. Ulardan biri «Oxir zamon paygʻambari Hijozdan chiqadi, sen u yerga bor!» - degandan keyin Makkaga undan Madinaga kelganlar. Abu Dardo esa «ashobi suffa»dan, kambagʻal, ammo gʻoyat tabarruk inson edilar. Birodarlik haqlariga qat'iy amal qilardilar.

Bir kuni Salmoni Forsiy birodarlarini ziyorat qilishga keldilarkim, birodar-birodarini ziyorat qilishning juda ulugʻ savobligi avvalroq aytildi. Ziyoratga kelib, eshikni taqillatdilar Abu Dardoning zavjalari Ummu Dardo (roziyallohu anho) eshikni ochdilar. Ust-boshlari yamoq, eskirib ketgan... Uni koʻrib Salmoni Forsiyning yuraklari achishdi. U damlarda aslida hammalari kambagʻal, ammo birining boshqaga yuragi achishsa, boshqasining naqadar ogʻir ahvolda ekanini tasavvur qilavering.
-Bu qanday hol boʻldi? - deb soʻradilar Salmoni Forsiy.

Bechora ayol koʻzini yerdan uzmay xasta ovozda dediki:
-Sizning birodaringiz dunyoning bahridan oʻtganlar. Dunyoga ahamiyat bermaydilar. Roʻzgʻor uchun harakat qilmaydilar. Shu sababli men bu ahvoldaman.

Oʻylamangki, Ummu Dardo shikoyat qilib, nolidilar. Yoʻq, aslo! Oʻzlarining bu ahvollaridan rozilar, dunyoga koʻz tikkan emaslar... Och turarlar... sabr qilarlar...
-Birodarimning oʻzlari qanilar? - deb soʻradilar Salmoni Forsiy.
-Hozir keladilar, - dedilar Ummu Dardo.

Chindan ham koʻp vaqt oʻtmay uy sohibi kelib, birodarlari bilan omonlashdilar. Dasturxon yozildi. Abu Dardo ovqatni mehmon tomon surdilar.
-Oʻzingiz oʻtirmaysizmi, keling, birga yeylik, - dedilar mehmon.

Abu Dardo avvaliga bildirmay turdilar (nafl roʻzasini pinhon tutgan savob), Salmoni Forsiy hadeb qistayverganlaridan keyin:
-Roʻzadorman, - dedilar. -Siz oʻtirmasangiz, yemasangiz, men ham yemayman, - dedilar mehmon.

Xullas, Abu Dardo birodarlarining izzati uchun nafl roʻzalarini buzdilar. Kech boʻldi, namozlarini birga oʻqidilar (uylari Masjidi nabaviyadan uzoqroq boʻlsa kerak). Soʻng mehmonning oʻzigagina joy toʻshadilar.
-Oʻzingizga-chi? - deb soʻradilar Salmoni Forsiy.

Abu Dardo uxlamay tuni bilan ibodat qilish ilinjida edilar. Mehmon: «Siz yotmasangiz men ham yotmayman», - dedilar. Abu Dardo noiloj yotdilar. Ammo bir ozdan soʻng turmoqchi boʻlganlarida Salmoni Forsiy yana qaytardilar. Subhi sodiqdan avvalroq Salmoni Forsiy turib, birodarlarini uygʻotdilar. Tahajjud namozini oʻqishib, soʻng ikkovlari hazrati paygʻambarimiz (s.a.v.) masjidlariga yoʻl oldilar. Namozdan soʻng Abu Dardo Paygʻambarimizga birodarlaridan shikoyat qildilar.
-Yo Rasululloh, roʻzador edim, birodarim roʻzamni buzdirdi. Kechasi ibodat qildirmadi.

Rasululloh (s.a.v.) Salmoni Forsiydan buning sababini soʻradilar.
-Yo Rasulalloh, - dedilar Salmoni Forsiy, - koʻrsam, xotinining ust-boshi gʻoyat yupun, roʻzgʻori gʻoyat xarob, turmushi haddan tashqari qashshoq.

Buni eshitgan hazrat Paygʻambarimiz uning muddaosini tushunib, dedilar:
-Ey Abu Dardo! Salmon haqdir. Sen nohaqsan. Salmon yana toʻgʻriroq bilur. Sening ustingda Allohning beadad haqqi bor. Albatta ibodat qilasan. Ammo senda oilangning ham haqqi bor. Xotining ham e’tiboringda boʻlishi kerak.

Oilaning haqqi haqida keyinroq fikr yuritarmiz, insha Alloh. Hozir oladigan ibratimiz: nafl ibodatlaridan koʻra doʻstning izzatini ado etish afzalroq ekan. Ya’ni, «kim doʻstini e’zozlabdi, nafl ibodati savobini olibdi», deb tushunsak ham boʻlar. Ammo bu tushuncha nafl ibodatlarini butunlay rad etish ma’nosida qabul qilinmasligi kerak. Agar ikki holat bir-biriga roʻpara kelib qolganda doʻst hurmati avvalroq ado etilishi kerak, deyilmoqchi.

Madinai munavvaradagi musulmon ahlining bir-birlari bilan birodar tutinishlari Qur'oni Karim oyatlariga amal qilishning bir koʻrinishi edi. Alloh taolo buyuradi:

«Moʻ'minlar hech shak-shubhasiz, ogʻa-inidirlar. Bas, siz ikki ogʻa-iningizning oʻrtasini oʻnglab qoʻyinglar! Allohdan qoʻrqinglar. Shoyad, U Zot tomonidan boʻladigan rahmatga erishsangizlar.

Mazkur oyatni anglash uchun muhtaram ulamoning tafsirlariga murojaat qilsak: Oyati karimada «ogʻa-ini» (boshqa tarjimalarda «birodar») deb tarjima qilingan soʻz arab tilida birlikda «axun» kalimasi bilan ifoda qilinib, ikki xil ma’noda ishlatiladi: 1. Aka-uka, ya’ni tugʻishgan birodar ma’nosida. 2. Doʻst, ogʻayni, ya’ni tutingan birodar ma’nosida. Ammo xuddi shu soʻzning oʻzi koʻplikda kelganda ma’nosiga qarab yana ikki shaklda keladi: 1. «Ixvatun» - tugʻishgan birodarlar. 2. «Ixvonun» - doʻstlashgan birodarlar. Qur'oni Karimning moʻ'jizaligini qarangki, moʻ'min-larning birodarligi haqida soʻz ketganda tugʻishgan birodarlar ma’nosidagi «ixvatun» soʻzi ishlatilgan va bu bilan moʻ'minlar xuddi tugʻishgan aka-ukalardek ekanligi ta’kidlangan.

Islom tarixida bu oyati karimaga amal qilishning gʻoyat goʻzal namunalari uchraydi. Shulardan biri Sa’d (r.a.) bilan Saidning (r.a.) doʻstliklari haqidagi hikoyadir. Doʻstlik ahdu paymoniga sodiq bu ikki sahoba jannat suyunchi xabariga yetishganlardan edilar. Xotin olmayin umrlari sayohatlarda oʻtgan. Sa’dning otalari - Umar makkalik kofirlardan edi. Sa’d oʻn yetti yoshga toʻlganlarida iymon keltirgan edilar. Saidning otalari Laye basralik, gʻoyat toʻgʻri va solih kishilardan edilar. Bu ikki doʻst Diyori Bakr urushida shahid boʻlganlar. Hijratning qirq birinchi yilida jum'a peshin namozida janozalari oʻqilib, dafn qilinganlar. Xullas, bu ikki doʻst safar qilmoqni ixtiyor etib yoʻllari Qulzum dengiziga tushib, kemaga oʻtiradilar. Kemachi bularga jahl qilib: «Nima uchun bekor oʻtiribsizlar, eshkak eshinglar!» - deb eshkakni Saidning qoʻliga tutadi. Filhol Sa’d turib: «Eshkakni men eshayin», deb kemachining qoʻlidan eshkakni oladi. Said esa eshkakni oʻziga talab qiladi. Kema sohibi bu mehribonlardan birining mashaqqatini ikkinchisi oʻziga olayotganidan hayratga tushadi.

Bunga oʻxshash voqealar bugungi kunimizda ham uchraydi. «Poʻst magʻizga qandayin yaqin boʻlsa, doʻst ham muhabbatda senga yaqin boʻlsin», degan hikmatning amaldagi koʻrinishlarini tez-tez uchratamiz.

Haj ziyorati oxirlay deb qolgan, hamma yerlarda hojilarni kutib olish tadorigi boshlangan damda, Qurbon hayiti arafasida bir uyga oʻt tushdi. Yongʻin qoʻshninikiga ham oʻtdi. Bu xonadon egalari ayni damda Haj ibodatida edilar. Endi tasavvur qiling: keksayib qolgan er-xotin ulugʻ ibodatdan qaytsalaru kuyib yotgan uylarini koʻrsalar! Xonadon sohiblarining farzandlariga Alloh sadoqatli doʻstlarni bergan ekan. Doʻstlar bu uyni bir necha kun ichida tiklash ahdini qildilar. Har kim imkoniyatidan ziyodaroq hissa qoʻshishga harakat qildi.

Gap bu yerda faqat mablagʻ toʻplashda emas. Doʻstlarning barchalari yongʻin soatidan boshlab, to uy qayta qurilib, hoji ota va hoji ona kutib olinguniga qadar shu yerda boʻldilar. Ish kun chiqardan to qorongʻu kechgacha davom etdi. Doʻstlar ustalar va mardikorlar safida xizmat qildilar. «Bitta kulchani ikkiga boʻlib, yarmini och odamga berganni «saxiy» deb, oʻzi yemay, hammasini muxtoj odamga berganni «saxiy doʻst» deb bil», deganlaridek, mahalla ahli shu kunlar ichi saxiy va begʻaraz doʻstlikning yaxshi namunasini koʻrdilar. «Yaxshi libos - tanga oroyish, yaxshi oʻrtoq -jonga osoyish», deb bejiz aytmaganlar. Yana hazrati Alisher Navoiy yozadilarkim:

Har kim birov bilan doʻst-yor boʻlsa, doʻst-yorlik da’vosini qilsa, oʻziga ravo koʻrmaganni unga ham ravo koʻrmasligi kerak. Ba’zi narsalarni oʻziga ravo koʻrsa hamki, yoriga ravo koʻrmasligi lozim. Koʻp mashaqqatlardan kishi ruhiga alam yetadi. Jismu joni bunga toqat qiladi. Ammo bunday mashaqqat doʻsti boshiga tushishini xayoliga ham keltira olmaydi. Mabodo xayoliga keltirgudek boʻlsa, dahshatdan hayoti soʻnadi.

Yor uldurki, har nekim oʻzigʻa
Istamas, yorigʻa ham istamagay.
Oʻzi istarki, yor uchun oʻlgay,
Ani mundoq sharik aylamagay.

(Deyilmoqchikim: oʻzi doʻsti-yori uchun oʻlmoqqa tayyor, ammo bu ishga doʻstini sherik qilmaydi.)

Soʻfiy Ollohyor hazratlarining ta’biri bilan aytilsa, «sen Alloh taolo uchun birov bilan doʻst tutinsang uni sut ustidagi qaymoqdek koʻrgin. Uni aziz joningcha, balki undan ham ortiqroq koʻrgin:

Tut ul doʻstingni sut ustinda qaymoq,

Aziz joningcha koʻrgil, balki behroq.

Aytilganlardan murod shuki, doʻstining kuygan uyini tiklashda xizmat qilganlarni Allohning birodarlik xususidagi amrini bajarganlar, demoqlik mumkin. Endi oyatning davomi, ya’ni: «...ikki ogʻa-iningizning oʻrtasini oʻnglab qoʻyinglar...»

Hayotda eng qadrdon doʻst orasida ham kelishmovchilik, tushunmovchilik va buning oqibat oʻlaroq arazlash ham uchrab turadi. Banda xato va kamchiliklardan xoli emas. Ammo yoʻl qoʻyilgan xato Alloh uchun birodarlashgan ikki kishini bir-biridan ajratib yubormasligi kerak. Haqiqiy doʻst birodarining aybini darrov kechira olishi shart. Bir ogʻiz xato gap uchun yoki

nooʻrin harakat uchun ajralib ketadigan doʻstning doʻstligi haqiqiy emas ekan. Ba’zan jum'a namozlarida ham kuzatamiz: namozni yonma-yon oʻqiydilar, namozdan soʻng esa bir-birlariga teskari qarab ketadilar. Alloh buyurgan bir ibodat bajariladi. Ikkinchisi esa unutiladi. Bir ibodat bajarilganini atrofdagilar koʻrib turishadi, ikkinchisi bajarilmayotganini koʻpchilik bilmaydi. Arazlashib yurgan odamlar unutmasinlarki, bir-birlari bilan ogʻa-inidek boʻlish Alloh tomonidan farz qilinyapti. Bir-birlariga teskari qaradilarmi, bas, farz tark etildi. Abu Ansoriydan (r.a.) qilingan rivoyatga koʻra Rasululloh (s.a.v.) shunday marhamat qilganlar: «Hech bir kishi oʻz birodaridan uch kechadan ortiq arazlab yurmogʻi halol emas. Ikkalasi toʻqnashib, biri u yoqqa, ikkinchisi bu yoqqa yuz oʻgirib ketmasin. Ularning yaxshirogʻi avval salom berganidir». Anas ibn Molikning (r.a.) amakivachchalari Hishom ibn Omir (r.a.) Rasulullohdan (s.a.v.) bu ibratni eshitganlarini rivoyat qilganlar:

«Hech bir kishining ikkinchi musulmon birodari bilan uch kechadan ortiq gaplashmay yurishi joiz emas. Shu ikkalasi shunday holatda boʻlgan davrda Haq yoʻldan chetlashgan boʻladilar. Ulardan qaysi biri avval yaxshilik, mehr-shafqat qilish tomoniga oʻtsa, gunohiga kafforat boʻladi. Ular shunday gaplashmay yurgan holicha dunyodan oʻtsalar, ikkalasi ham jannatga kirmaydi. Agar ulardan qaysi biri salom bersa, ikkinchisi javob qaytarmasa (alik olmasa), salom berganiga farishta va javob qaytarmaganiga esa shayton javob qaytaradi”.

Mazkur sharafli hadisda arazchilarning jannatga kirmasligi haqidagi ta’kidni unutmasligimiz kerak. Birodarlarning uch kundan oshiq arazlab yurishlari mumkin emasligi haqida yana boshqa hadislarda ham qayta-qayta ta’kid etiladi. Hatto Abu Xarrosh Sulamiydan rivoyat qilingan hadisda oʻz birodari bilan bir yilgacha arazlashib yursa, goʻyo uning qonini toʻkkan boʻladi.

Bir mahallada ikki doʻst yashardilar. Ikkovlarining yoshlari yetmishdan oshgan. Agar yigirma yashar doʻstlar arazlashsa tushunish mumkin: ularning hayot tajribalari kam, qiziqqonlar. Bugun bir doʻst yoʻqotsalar ertasiga boshqasini topishlari mumkin. Ammo yetmish yoshda doʻstni yoʻqotish?! Arazlash uchun bittagina hazil kifoya qilgan. Atrofdagilar ularni yarashtirish uchun koʻp harakatlar qilishdi. Soʻfiy Ollohyor yozadilarkim:

Xudoning buyrugʻidan toysa nogoh,

Birodarlik oʻshaldir qilsang ogoh...

Demoqchilarkim, Alloh taolo uchun tutingan doʻsting bexosdan Allohning buyurganidan qaytib yoʻldan chiqsa, uni bu buzuq ishdan ogohlantirib toʻgʻri yoʻlga qaytargin. Haqiqiy birodarlik ana shunday boʻladi, degan hikmatga amal qilib, ulardan biri uyida maxsus ziyofat uyushtirdi. Masjid imomini ham taklif qildi. Imom bu ikki arazchi qariyaning ahvolidan bexabar, qavmning iltimosi bilan ikki musulmonning arazlashuvi durust emasligi haqida ma’ruza qildi. Ziyofat yakun topgach, arazchi qariyalardan biri sohibi ehsonga “Sen menga aql oʻrgatish uchun chaqirdingmi?” - deb dagʻdagʻa qila ketdi. Xullas, ular yarashishmadi. Kimki achchiq boʻlsa ham oʻz doʻstlari nasihatiga quloq solmas ekan, ishning oqibati pushaymonlik boʻladi. Bu -tabib buyurgan dorilarni ishlatmay, parhez qilmay, oʻzining koʻngli tilagan taomlarni yegan, istagan ichimliklarini ichgan bemorning har daqiqa dardi ogʻirlashib ketgani kabidir. Oradan shu zaylda ikki-uch yil oʻtib, oldinma keyin vafot etishdi. Birinchi doʻst vafot etganida yarashishni xohlamagan kishi janozaga keldi. Shunda birodarlar dedilarki: “Baribir kelar ekansiz, avvalroq kelib rozi-rizolik tilab qolsangiz boʻlmasmidi?” U kishi esa shunda ham past kelmay: “U “mening oʻgʻlim senikidan boyroq” deb kerilgan, shunisini kechira olmadim”, - deb izoh berdi. Uning bu izohi toʻplanganlarga shu darajada bema’ni tuyuldi-ki, ayrimlar undan yuzlarini oʻgirdilar ham. Arazlashishga sabab boʻlgan bahona birodarlariga ham erish tuyulgan boʻlsa, ularning qiyomatdagi ahvollari qanday boʻlarkin?

Mana shu kabi voqealarni eshitganimizda, biron doʻst topganimizda (alhamdulillah!) va yoʻqotganimizda (astagʻfirullah!) fikr qilaylik:
-Ey koʻngil, Allohning marhamati bilan topgan doʻstingni yoʻqotib qoʻyding-a! Endi uni qiyomatda qayda va qay holda topgaysan? Doʻstini yoʻqotgan har bir odam koʻproq aybni unga yuklaydi. Sen unday qilma, koʻproq aybni oʻzingdan qidir. Soʻnggi nafasing chiqquniga qadar doʻstligingni qayta tiriltirishga ulgurib qol! Bir ogʻiz noxush gap uchun arazlab yurish evaziga doʻzax otashini sotib olish nahot sen uchun lazzatliroq boʻlsa?! Oliy himmatli, mard odam bir lahzada doʻst orttiradi, pastkash esa necha yillik oshnaligini bir lahzada barbod qiladi. Sen pastkashlardan boʻlma. Farovonlikni istasang, baxtli onlaringda ham doʻst-yor orttirib ol. Bilasanki, dengiz toʻlib toshsa ham daryo suviga muhtojdir. Doʻstlar qancha koʻp boʻlsa, kishiga balo shuncha kam yopishadi.

Donodan soʻrabdilar: “Doʻstlaringdan qay biri barchadan koʻra senga koʻproq yoqadi? Qaysi birini chin birodarlik darajasiga yetgan, deb oʻylaysan? Qaysi biriga sening muhabbating kuchliroq?” Donishmand javob berdikim: “Ayb qilsam yashiradigan va uzr soʻrasam kechiradigani menga yoqib tushadi...”

Bayon qilganimiz ikki qariya uzoq yillar oʻzlarini bir-birlariga doʻst deb bilganlar, ammo qalblarida doʻst mehri yoʻq ekanidan bexabar yashaganlar. Hatto muborak haj ibodatiga

borganlarida ham Alloh ularning qalblariga doʻst muhabbatini solmagan ekan, na iloj? Doʻstning vasli koʻrar koʻzlarga rohat beradi. Ularning koʻzlari bu rohatdan benasib ekan.

“Yemaysan, ammo toʻyasan, bu doʻst mehridir”. Ular doʻst mehriga och yashadilarmi? Har kim aybsiz doʻst qidiraversa, doʻsti kamayib boraveradi, doʻstlarini ranjitaversa, dushmanlari koʻpayaveradi. Bu qariyalar umrlari davomida qancha doʻst yoʻqotib, qancha topdilar ekan? Har bir gulning tikoni boʻlgani kabi, har bir doʻstning ham nuqsoni boʻlishi tabiiy. Oʻz doʻstlarining xatolarini kechirmaslikning, ular yetkazgan zararni unutmaslikning odam uchun nima foydasi bor? U qanday insonki, oʻz doʻstining tavba va uzrini qabul etmasin va uni sevinch bilan qarshi olmasin!? Olijanob va mard odam ogʻir kunlarda ham oʻz doʻstini tashlab ketmaydi. Har qanday shubha va gumonga asoslanib, oʻrtoqlik aloqalarini uzmaydi, borish-kelish, salom-alikni kanda qilmaydi.

Arab fozillaridan Asmaiy yozadilar: “Bir kishini ziyorat qilib kirdim. U zot kichik boʻyra ustida oʻtirar edilar. Surilib, yonlaridan joy koʻrsatdilar. Men bu iltifot uchun rahmat aytib dedimki: “Boʻyrangiz tor, men ham oʻtirsam siz rohatsizlanasiz”. U zot dedilarkim: “Bir-biriga gapi toʻgʻri kelmagan ikki kishiga butun jahon ham tanglik qiladi. Ammo doʻstlar uchun bir qarich yer ham bemalol yetadi”. Arazlagan hollarida bu dunyoni tark etgan ikki qariyaga jahon torlik qildimikan?..

Doʻstlarni bir-birlariga yaqinlashtiradigan narsa albatta, ziyoratdir. Yurilmagan yoʻllar ustini tikan va butalar qoplagani singari ziyoratdan holi doʻstlik yoʻllari ham berkilib qoladi. Birov sizga “Doʻstimni bir-ikki oydan beri koʻrganim yoʻq”, - desa biling-ki, u muhabbatli chin doʻst emas ekan. Abu Hurayra (r.a.) rivoyat qilgan sharafli hadislardan birida Rasululloh (s.a.v.) shunday marhamat qilganlar: “Bir kishi doʻstini ziyorat qilsa, Alloh taolo unga: “Hayoting yaxshi oʻtsin! Yaxshi ish qilding va jannatdan oʻzing uchun joy hozirlading”, -deydi”. Bu sohada ham biz ba’zan me’yorni orttirib yuboramiz yoki me’yorga yetkazmaymiz. Rasululloh “Doʻstingni unga malol keladigan darajada e’zoz-ikrom qilma”, deb ta’kidlaganlar. “Guliston”da shunday bayon etiladi:

“Abu Hurayra (r.a.) Paygʻambarimizning (s.a.v.) xizmatlarigʻa kelur erdi. Ul hazrat dedilar: “Ey Abu Hurayra, har kun kelmagil, to oʻrtada muhabbat ziyoda boʻlgʻay va sohibi dillar debdurlarkim, agarchi oftobning muncha husn va xoʻbligʻi bordir, ammo hech kishi ani doʻst tutmogʻusidur, oning uchunkim, har kunda koʻrunodur va lekin qishdakim aksari vaqt mahjubdur, bu jihatdin hammaga mahbubdur”.

Bayt:

Doʻstni koʻrmakka bormoq ayb emas,
Lek bezor oʻlgʻudek koʻb bormogʻil.
Qil muhabbatni fuzun kam-kam borib,
Behuda ortuqsan, ranji axtarmagʻil.

Odamlar bir-birlariga muhtojdirlar. Oʻzaro munosabat paydo qilmasalar, ishlari notamom qoladi. Odamlarga aralashmasdan yolgʻizlikni sevish, jamiyatdan qochib yurish aqlga muvofiq ish emas. Shuning uchun ham yangi bir odam bilan doʻst boʻlgan musulmonning darajasini Alloh jannatda bir daraja yuqori koʻtarajagi hadislarda ta’kid etilgan. Yolgʻizlikni sevishni nojoiz dedik. Ammo hayotda yana bir haqiqat bor - nodon doʻstdan koʻra yolgʻizlik yaxshiroq. Nodon odam doʻst boʻla turib shundayin kunlarni boshingga soladiki, keyin dushmanlaring changalidan mutlaqo qutulib chiqa olmaysan. Biz doʻstni nodon deymiz, holbuki, soʻrab-surishtirmay har qanday odam bilan doʻstlashib unga koʻnglidagi borini ochib tashlaydigan odamning oʻzi nodon emasmi? Nizomiy hazratlari yozganlar:

Jonning dushmani ham gar boʻlsa dono,

Aqlsiz doʻstdan u yuz karra a’lo.

Tilimizda “sirdosh doʻst” degan atama bor. Har kishining yuragini qon qiluvchi siri boʻlganidek, bu sirni oshkor qilishga arzigulik doʻsti ham boʻladi. Doʻst-ku, siringizni eshitar, oshkor qilmaslikka va’da ham berar, ammo va’dasiga vafo qilishidan koʻra xiyonat qilishi aniqroqdir. Doʻstlarni bir-biridan ayirib yuboradigan sabab ham aynan shundadir.

Doʻstiga sir aytib soʻng pushaymon boʻlganlarning soni-sanogʻi yoʻq. Holbuki, janobi Rasululloh (s.a.v.) “bir odamni juda yaqin olmaginki, u vaqti kelib dushman boʻlib qolishi mumkin”, deb ogohlantirganlar. Yaqin deb bilingan doʻst dushmanga aylanmasa ham aytilgan sirga xiyonat qilishi kutilajak holdir. Bir shogird donishmand ustozidan soʻragan ekan:
-Mening juda muhim sirim bor. Shu sirimni dilimda saqlayverib, yuragim qon boʻlib ketdi. Ishonchli doʻstimga sirimni aytib, yuragimni boʻshatib olmoqchiman.

Bu gapni eshitib ustoz dediki:
-Sening siring faqat oʻzinggagina kerak, boshqa odamga sira ham kerakmas. Modomiki oʻz siringni oʻzing saqlay olmasang, boshqa kishi oʻziga mutlaqo keragi boʻlmagan bu sirni qanday saqlay oladi? Agar u siringni oshkor qilsa bunga taajjub etishning hojati boʻlmaydi.

Tabiatda hamma narsa oʻz xili bilan yuradi. Oqqush qoraqushga qoʻshilmaydi. Odamlar garchi bir xilga oʻxshasalar-da, birining qalbi oqqush ikkinchisiniki qoraqush kabidir. Hattoki uchar

qushlar ham oʻz sheriklarini ajratishni uddasidan chiqar ekan, insonning bunga amal qilmogʻi mutlaqo shartdir. Shu bois shoir deydiki:

Boʻlmagil har kimga joning birla, yoʻldosh oʻzgadir,

Aytmagil har kimsaga siringni, sirdosh oʻzgadir.

“Yaxshi libos - tanga oroyish, yaxshi oʻrtoq - jonga osoyish”, deganlaridek yaxshi oʻrtoqni boshqalar orasidan ajrata olish ham aqlga bogʻliq. Aqlli odamlar uchun doʻstlikdan azizroq hech narsa yoʻqdir. Doʻstlik begʻaraz boʻlmogʻi shart. Lekin doʻstlik tilsimlarining kaliti sirni saqlay bilishdadir. Uchinchi odam bilmagan sir yoyilmaydi. Chunki uchinchi odam eshitgan sir albatta ogʻizdan ogʻizga oʻtadi va buning oldini olish mumkin emas. “Behayo doʻstlikka yaramas, nopok sirdoshlikka”, degan maqol bor. Toʻgʻri, barchani nopoklikda ayblash yoki gumon qilish aqldan emas. Ammo orada shayton borligini ham unutmay, doʻstimizni asrash uchun unga sirimizni aytmay qoʻya qolganimiz ming marta afzal.

Ayrim birodarlarimiz “hech kimga aytmang, faqat sizga aytyapman buni” deb sirlarini bir necha kishiga ma’lum qilib qoʻyadilar. Toʻrt kishidan uchtasi va’daga vafo qilib, sirni sir tutib yuraveradi. Ammo bittasi “gullab” qoʻyadi. Oqibatda sir aytgan odam toʻrttala doʻstidan gumonsirab yoki ranjib yuraveradi. Ba’zan esa shu bahona boʻlib, doʻstlik iplarini uzib yuboradi.

Doʻstlik masalasida ayrim fikrlar borkim, bahslashishga ham toʻgʻri keladi. Masalan, siz bu fikrga qanday qaraysiz:

Toʻgʻri va sof odamlar darrov doʻst boʻlib oladilar va bu doʻstlik uzoqqa choʻziladi. Fitnachi odamlar darrov doʻstlasha olmaydilar, munosabatlari tez va oson buziladi. Yaxshi va olijanob odamlar bir soatli koʻrishish va bir kunli tanishish muddatida odamning koʻnglini ovlaydilar. Ammo koʻpdan beri tanishish va doʻst boʻlish orzusida yurgan ichi qora odamlardan marhamat va lutf koʻzlab boʻlmaydi. Ular qoʻrquv va gʻaraz tufayli doʻst boʻlishni istaydilar.

Albatta bu hikmatni rad etmaymiz. Ammo hayotda buning aksiga koʻproq duch kelamizkim, bizning e’tirozimiz ham aynan shunda. Toʻgʻri va sof odamlar, olimlar agar doʻstlashsalar ularning birodarliklari arzimagan narsaga buzilmaydi. Toʻgʻri va sof odamlarni, olimlarni biz “zukko, dono” kabi sifatlar bilan ulugʻlaymiz. Demak, ular yaxshini yomondan tez ajrata olish qobiliyatiga egalar. Biroq, yangi tanishlarini yaxshi odam ekanini bilib tursalar ham u bilan doʻstlashishga shoshilmaydilar. Nega? Ehtiyotkorlikni bu qadar oshirib yuborishlari oʻrinlimi? Yoki atroflaridagi fitnachilarning soʻzlariga quloq tutadilarmi? Axir fitnachilar bilan doʻst boʻlgan kimsa eng yaxshi odamlar haqida ham yomon fikrda boʻladi, vaqt oʻtganidan soʻng esa koʻzlari moshday ochiladi-yu, ammo pushaymon yeyishdan oʻzga chorasi qolmaydi. Ariq va soy suvi dengizga quyilgunga qadar shirin boʻladi. Qardoshlik va doʻstlik muhabbati razil odamlar oraga tushgunga qadar mustahkam boʻladi. Afsusli yeri shundaki, razillar aynan yaxshilar orasiga tushadi. Yaxshilar bir-birlarini anglab yetgunlaricha razillar birlashib oladilar. Hayotda kuzatamizki, yaxshilik maqsadidagi doʻstlikka mustahkam poydevor qoʻyilguniga qadar razillar oʻz birodarliklari saroyini qurib boʻladilar.

Toʻgʻri, ularning bu saroylari mustahkam emas, tez orada buzilib ketadi. Biroq, buzilguniga qadar yaxshi doʻstlik imorati poydevorini ham yakson qilishga ulguradi. Koʻramizki, olimlar olimlar bilan, shoirlar shoirlar bilan doʻstlasha olmaydilar. “Gadoning dushmani gado boʻladir”, deyilganidek, bu donolarning oʻzaro doʻstlashuvlariga ehtimol vujudlariga egalik qilayotgan hasad oʻti yoʻl qoʻymas? Razil va xoin odamlar ulardagi aynan shu xastalikdan foydalanishar? Razil va xoin odamlarning doʻstligi ilonni tarbiya qilishdek bir narsa. Ilon egasi uni qanchalik yaxshi parvarish etsa ham payt kelganda bir kun oʻz egasining yorugʻ kunini qorongʻi kechaga aylantiradi, oʻz vafosizligini namoyon etadi. Sahar shabadasi ham doʻstlikka oʻxshaydi. Agar u gulzor tomondan essa - xushboʻy boʻladi. Najosat bor yerdan essa - badboʻy boʻladi. Tarixda bunga misollar oz emas. Oʻtgan asrda Stalin zamonidagi repressiyalarda jon berganlar, azob chekkanlar doʻstlik libosidagi aynan shunday razillikning qurboni boʻlgan edilar. Donolar bir-birlarini himoya qila olmadilar, demak, ular chin doʻstlik maqomiga yeta olmagan ekanlar. Aldamchi doʻstlikning fojiasi shunda. Bir masal borkim, uni unutmasak, foydadan holi boʻlmas:

Bir mamlakatdagi oʻrmonzorda kalamush bilan mushuk yashar edi. Ovchi kelib daraxt ostiga dom qoʻyib ketgan edi, nodon mushuk ilinib qoldi. Kalamush bu holni koʻrib quvondi. Ammo koʻzi oʻziga tashlanishga tayyor turgan latchaga tushdi-yu, yuragi orqasiga tortib ketdi. Tepaga qarasa-ki, boyqush ham uni moʻljallab turibdi. Nima qilsin? Oldinga yursa mushukka yoʻliqadi, orqaga qaytsa, latcha parchalab tashlaydi, indamay qotib tursa, boyqushga yem boʻladi. Kalamush oʻziga oʻzi debdi: “Balo dengizi tugʻyonga kelib, falokat toʻfoni hujumga tayyor turibdi. Shunga qaramay men noumid boʻlmasligim, oʻz hayotimni qutqarishim kerak. Bu holda menga aqldan yaxshi madadkor yoʻqdir. Aqlli hech qachon sarosimaga tushmasligi, qalbini dahshat va tashvish chulgʻab olmasligi kerak. Endi men uchun yagona najot yoʻli balo zanjirida talpinib yotgan va mening yordamimga muhtoj boʻlgan mushuk bilan kelishib doʻstlashmoqlikdir. Balki u oʻz vaziyatini nazarda tutib, mening soʻzlarimga quloq osar va dushmanlikdan voz kechib, xalos boʻlish uchun maslahatlarimni

qabul etar. Shunday qilib, har ikkalamiz balodan omon qolamiz”. Shu qarorga kelgan kalamush mushukdan: “hol-ahvoling qalay?” - deb soʻradi.
-Bunday balo domiga tushib, aziyat chekkanlarning ahvoli qanday boʻlar edi? - dedi mushuk zorlanib.
-Shu vaqtga qadar sen gʻamnok boʻlsang men quvonar edim. Hozir ikkimizning boshimiz xatarda qoldi. Men bu balodan qutulish uchun sendan najot kutaman va shu sababli sen bilan doʻstlashmoqchiman. Agar menga tegmasang yoningga borib bandlaringni kesib seni ham ozod qilaman. Soʻzlarimga ishon, xayrixoh ekanimga shubha qilma. Hech kimga ishonmaydigan va hikmat egalarining soʻzlariga quloq solmaydigan kishi baxtli hayot kechirolmaydi. Aql egalari ishni paysalga solib, fursatni qoʻldan bermaydilar. Kema dargʻaning sa’yi harakati bilan sohilga yetib borgani kabi xalos topishimiz ikkovimizning harakatimizga bogʻliq boʻlib turibdi.
-Sening bu gaplaring aqlga muvofiq, - dedi mushuk quvonib. - Taklifingni bajonu dil qabul etaman va oʻlgunimcha sendan minnatdor boʻlaman. Debdurlarki, dushman sen bilan sulh tuzishni istasa, uning uzatgan qoʻlini qaytarma.
-Men hozir sen tomon yuraman. Oldingga borganimda meni mehribon doʻst kabi kutib ol, dushmanlar inoqlashganimizni koʻrib, joʻnab qolsinlar. Shundan keyin men tuzoq iplarini qirqishga kirishaman.

Mushuk bu maslahatni ham qabul qilgach, kalamush ishga kirishdi. Lekin mushukning nazarida u imillayotganday koʻrindi.
-Men sening ahdingga ishongan edim, - dedi toqati toq boʻlgan mushuk. - Dushmanlaring koʻzdan yoʻqolib, xatardan qutulganingdan keyin soʻzingdan qaytmoqchimisan?
-Men bergan soʻzimning ustidan chiqaman, lekin oʻz jonimni saqlashni undan afzalroq deb bilaman. Men dushmanlarim hujumidan sening yordaming tufayli omon qolish maqsadida doʻstlashishga majbur boʻldim. Ammo sening u dushmanlarimdan ham xavfliroq ekaningni unutganim yoʻq. Men tahlikani daf etib, xatarli ishlarning oldini olish uchun sen bilan murosa qilyapman. Bu vaqt va zamon taqozosi bilan qilingan bir tadbirdir. Har ishning oʻz yeri, har soatning oʻz hukmi bordir. Vaqtni oʻtkazib, mavqeini qoʻldan bermoqlik kaltabinlikdir. Men toʻrning iplarini qirqaman, xotirjam boʻl. Ammo bitta asosiy bandni jonimning garovi sifatida saqlab turaman. Uni sen oʻzing bilan ovora boʻlib, menga hujum qilishdan koʻra muhimroq tashvish bilan mashgʻul boʻlib, oʻz joning gʻamini yeb qolganingdagina kesaman. Ana shunda sen banddan ozod boʻlasan, men ham sendan qutulaman.

Kalamush aytganini qildi. Bir ozdan keyin uzoqda ovchining qorasi koʻrindi.
-Endi oxirgi bandni kesmoq, va’da ustidan chiqmoq vaqti yetdi, - dedi kalamush.

Mushukning koʻzi ovchiga tushishi bilanoq oʻlim vahmida qoldi. Kalamushni ham unutdi. Shunda kalamush oxirgi bandni qirqdi. Mushuk jonholatda sapchib, daraxt ustiga chiqib ketdi. Kalamush esa iniga kirib ketdi. Ertasi kuni inidan moʻralab mushukni koʻrib qoldi.
-Ey doʻstim, nega mendan xavfsiraysan? - dedi mushuk.- Qoʻlga kiritilgan eng yaxshi noyob narsani - doʻstligimizni saqlab qolish kerak. Yaqinroq kel, men yaxshiligingni qaytaray, muruvvat qilib, mardligim va saxiyligimni koʻrsatay.

Mushuk sadoqatdan qancha gapirsa ham kalamush inidan chiqmay dedi:
-Zoti dushman boʻlib, doʻstlikdan lof urganlarga, dilida gʻanim, tilida doʻst boʻlganlarga ishonish mumkin emas.

Bu kabi masallarni oʻqib yoki eshitib hayron qolasan kishi: hayvonlarning aqli yetgan narsalarga ongli jonzot hisoblanmish odamlarning aqli kaltalik qilib qoladi. “Sen oʻzingga doʻst axtar, dushman oʻchoq boshidadir”, degan hikmatga koʻpincha ahamiyat berilmaydi. Oʻsha - oʻchoq boshidagi manfaat doʻstligi koʻzni shamgʻalat qilib qoʻyadi. Toʻshagi tikandan, yostigʻi ilondan boʻlgan odamning uyqusi shirin boʻla olmaydi. Inson idrokining rasoligi, aqli komilligining alomati shuki, doʻstlaridan biri dushmanlik qilsa yo gʻururlanib ketsa bunga qarshi darhol chora koʻradi. Masalan, avval yumshoq soʻz bilan, soʻng esa keskir soʻzlar bilan koʻngli yaralanadi. Bu ham ta’sir etmasa, qoʻl bilan uriladi. Bu ishlar yomonlik emas, ezgulik sanaladi. Shunda ham toʻgʻri yoʻlga kelmasa, u bilan doʻstlik ipi uziladi. Chunki u fosiqdir. Fosiq bilan boʻlish esa yaxshi amallarni buzadi. Lekin u birodariga Allohdan hidoyat tilab, yaxshi duolar qilaveriladi. Xuddi Robi'a (rahmatullohi alayho) kabi. Robi'a doim munojotda der ekanlarkim: “Ilohi! Dunyoda menga neki berar boʻlsang, dushmanlarga ham ber! Oxiratda menga ne berar boʻlsang, doʻstlarga ham bergil!” Bu duoda chuqur ma’no va hikmat bordir. Ya’ni bu dunyoda menga berilgan hidoyatni, ishqni, iymonni... dushmanlarimga ham bergilkim, ular zalolatdan chekinsinlar. Oxiratda esa menga jannatni ravo qilsang, doʻstlarimga bergin bu ne’matni, deyilmoqchi.

Istiqlol sharofati tufayli Stalin zamonidagi yashirin hujjatlar bilan tanishish imkoni tugʻildi. Fojia shunda ekanki, oʻsha yillari qamalgan va otib tashlanganlarga oʻz doʻstlari xolis xizmat qilib berganlar. Abdulla Qodiriyni olaylik. Stalin oʻzbekda shunday yozuvchi borligini bilarkanmi? Yoki “Oʻtgan kunlar” kitobini oʻqibdimi? Usmon Nosir qamalganda Sibirdan turib Stalinga xat yozgan ekanlar, oʻzlarining aybsiz ekanliklarini isbot etmoqchi boʻlganlar. Maskovdagi idora bu xatni tekshirish uchun Toshkentga yuborgan. Toshkentdagi “doʻstlar” Usmon Nosir ijodida xalq dushmaniga xos mazmun borligini ta’kidlab javob yoʻllaganlar. Bu oʻrinda biz xusumat, hasad, gʻaraz kabi illatlar bulogʻidan suv ichib semirgan doʻstlikka duch kelyapmiz. Doʻstlarning hasadi dushmanlarning xusumatidan yomondir, degan hikmat shu oʻrinda oʻz isbotini topadi. Ha, dushmanlardan koʻra ba’zi doʻstlar kishiga koʻproq zarar yetkazadilar. Chunki dushmandan ehtiyot boʻlasan, ammo doʻstlarning dushmanligidan qutulish qiyin. Deydilarkim: “Chin dushmanning agarchi hiylasi ta’sir etmadi, makr etmakdin ojiz boʻlsa, hiyla bila doʻstlik maqomigʻa kelur va ondin soʻng doʻstligʻ surati bila andoq ishlarni qilurkim, hech bir dushman oni qila olmas”.

Nojins kishining zarar yetkazishini oʻylamay, u bilan doʻstlashib, suhbatdosh boʻlib yurgan odamning oxiri gʻam-hasratga giriftor etilajagiga togʻam - Mirzakalon Ismoiliyning qamalishlariga doir hujjatlar bilan tanishib chiqqanimda ishongan edim. Togʻam bu voqealar haqida gapirishni istamasdilar. Meni ajablantirgan narsa -yozuvchiga qarshi tuhmat qilganlar uning eng yaqin doʻstlari edi. Urush yillari yelkama yelka turgan doʻstlar tuhmatdan oʻzlarini tiya olmaganlar. Men u kishilarni tanir edim. Chunki togʻam qamoqdan chiqqanlaridan keyin ham ular bilan doʻstliklarini uzmaganlar. Ularning tuhmatchi ekanliklarini bilganlar, ammo ayblarini kechirganlar. Togʻam-ku, doʻstlikni saqlab qolish uchun kechirgandirlar. Ammo Alloh kechirganmikin? Donolar derlarkim: “Dushman soʻzi bilan doʻst paymonin sindurding. Koʻrgilkim, kimdin judo boʻlub, oʻzungni kimga yetkurding?” Tuhmat bilan qamalganlar ozodlikka chiqqanlarida tuhmatchi doʻstlari ularning koʻzlariga qanday qaradilar ekan, men shu haqda koʻp oʻylayman.

Jaloliddin Rumiy hazratlari “Oqil doʻsti bor kishining oynaga muhtojligi yoʻq”, degan ekanlar. Biz shuni sal oʻzgartirib: “Xoin doʻsti bor kishining dushmanga muhtojligi yoʻq”, desak qalay boʻlarkin? Avvalgi yili marhum bir yozuvchining tugʻilgan kuni nishonlandi. Soʻzga chiqqanlar unga doʻst boʻlganlarini qayta-qayta ta’kid etib u zotni sharafladilar. Ammo birortasi “biz u bilan doʻst edik, oshxoʻrlik yoki pivoxoʻrlik qilardik, afsuski qamaladigan paytda uni himoya qila olmadik”, demadi. Holbuki hujjatlar dalolat berishicha, doʻstlarini himoya qilishga urinish u yoqda tursin, Yozuvchilar uyushmasi safidan oʻchirish chogʻida yomonlaganlar, “xalq dushmani” degan tamgʻani oʻzlari tayyorlab berganlar. Bu doʻstlar oʻsha davrda qoʻrqoqlik qilgandirlar yoki boshqa sabab boʻlgandir. U zamon uchun ayblashimiz balki notoʻgʻridir. Endi nohaq jabr koʻrgan doʻst vafot etgan, tuhmatchi, bevafo doʻstlarning umri ham kuz yaprogʻiga oʻxshab bir shoxchaga ilinib turibdi. Shuni fahm etib, tavba qilib olsalar boʻlmasmikin? Ularni tavba qilmaganlari uchun ayblasak toʻgʻriroq boʻlar. Biroq, bizning maqsadimiz ularni ayblash va hukm chiqarish emas. Bu voqealarni eslashdan maqsad - yoshlarning e’tiborini tortishdir. Chunki bu kabi xoinliklar faqat bitta zamonga xos emas va butunlay yoʻq boʻlmaydi. Bugunmi yo ertagami boshqacha koʻrinishda yuz ochaveradi.

“Kimki birodariga, uning moliga yoki obroʻsiga zulm yetkazgan boʻlsa, dinor va dirham boʻlmagan kunda undan olinmasidan avval u bilan rozilashib olsin. Agar yaxshi amallari boʻlsa, zulmiga yarasha yaxshiliklaridan olinadi. Yaxshi amallari boʻlmasa, mazlumning gunohlaridan olinib, unga beriladi, keyin u doʻzaxga tashlanadi”. Sharafli hadisda bayon etilgan bu haqiqatni unutmasak durust boʻlar edi.

Doʻstlar orasidagi muhabbat zanjiri qanchalik baquvvat boʻlmasin, uni uza oladigan kuch topiladi. Unutmaslik kerakki muhabbatli, chin doʻstlarning birodarligini koʻrolmaydigan hasadgoʻylar koʻp uchraydi. Ular shunchaki hasad qilib yura qolishmaydi, doʻstlik zanjirini uzishga obdon urinishadi, uza olishsa rohatlanishadi. Bular “Faqat Alloh uchun birovni doʻst tutish va faqat Alloh uchun dushman tutish Alloh taolo huzurida sevimli amallardandir”, deyilgan hadisi sharifdan bexabar johil insonlardir. Yana bir masalning oʻrni keldi:

Bir orolda maymunlar saltanati mavjud edi. Podshohi aqlli va dono edi. Biroq, umrining bahori oʻtib, qarilik iskanjaga ola boshlagach, oʻrnini peshanasida saodat nuri porlagan yoshga berib oʻzi dengiz qirgʻogʻidagi oʻrmonda yolgʻiz yashay boshladi. U bir anjir daraxtiga chiqib, mevalaridan tanovul qildi. Shu onda bir anjir mevasi uzilib, suvga shaloplab tushdi. Bu ovoz maymunga yoqib qolib, dam-badam anjir uzib suvga tashlayverdi. Shu suvda bir toshbaqa suzib yurgan edi. U maymun tashlagan anjirlarni tutib maza qilib yegach: ”Maymun bularni atayin men uchun tashlayapti, tanish boʻlmagani holda shunchalar mehribonlik koʻrsatyaptiki, agar doʻstlashib olsam muhabbati bundanda ziyoda boʻlar”, deb oʻyladi-da, qirgʻoqqa chiqib u bilan salomlashdi. Shu tarzda doʻstlashib qoldilar.

Maymun podshoh boʻlganini, endi kuchdan qolib shu yerlarda hasrat bilan yashayotganini soʻzlab berdi. Toshbaqa unga mahliyo boʻlib qoldikim, hatto uy-joyiga, xotini huzuriga qaytishni ham unutdi. Toshbaqaning xotini erining uzoq muddat xabarsiz ketganidan xavotirlanib, qoʻshnisiga arz qildi. Qoʻshnisi: “Men eshitdimki, ering bir maymun bilan doʻstlashib, unga maftun boʻlibdi, uning vaslini sening hijroningdan ustun tutib, sening firoqing olovini uning visoli suvi bilan oʻchirib yuribdi. Endi gʻam chekishning foydasi yoʻq. Bir tadbir koʻrish kerakkim, toki ering uyga qaytsin va u doʻstni unutsin”, deb maslahat berdi. Ular oʻylay-oʻylay “maymunni oʻldirishdan boshqa chora yoʻq”, degan qarorga kelishdi. Toshbaqaning xotini “ogʻir xastaman”, deb eriga xabar joʻnatdi. Toshbaqa maymunga uzr aytib uyiga kelib qarasaki, xotinining ahvoli ogʻir. Toshbaqa savol soʻrasa javob bermaydi. Shunda qoʻshnisi:
-Bemorning dardi ogʻir, maymunning yuragini pishirib yemasa oʻlishi tayin, - dedi.

Toshbaqa “Maymunning yuragini qaerdan topsam ekan?”-degan tashvishda gʻamga botdi. Qancha oʻylamasin biron-bir chora topa olmadi. Oxiri doʻsti boʻlmish maymun yodiga tushib, oʻziga oʻzi dedi:
-Agar oramizdagi doʻstlik va sadoqatga qaramay unga xiyonat qilsam, bu nomardlik va insofsizlik boʻladi; agar ahdga vafo qilaman desam uyimning tayanchi, hayotimning bezagi, farzandlarimning panohi boʻlgan xotinimdan ajralib qolaman.

Toshbaqa anchagina vaqt bu haqda oʻylab iztirob chekdi, shubha va taraddud ichida qolib, nihoyat xotinining ishqi gʻalaba qildi. Oqibatda u vafodorlikdan voz kechish qaroriga keldi. Lekin yaxshi bilardiki, maymunni bu yerga keltirmagunicha maqsadiga erisha olmaydi. Shu bois u maymunning huzuriga qaytdi. Ayriliq oʻtida yonayotgan maymun uni zoʻr quvonch bilan kutib olib, oilasining hol-ahvoli, xotinining sihat-salomatligi bilan qiziqdi.
-Sening firoqing oʻti shunday yondirdiki, ularni koʻrishdan biron ham lazzat ololmadim, - dedi toshbaqa. - Yolgʻizliging esimga tushganida tinchligim buzilib, dunyo koʻzimga qorongʻu boʻlib ketdi. Men seni uyimga olib ketgani keldim. Marhamat qilib borsang, farzandlarimni koʻrib, xasta xotinimni tashrifing bilan sevintirsang, qavm-qarindoshlarim, doʻst-oshnalarim oldida boshim osmonga yetardi. Ular tayyorlab qoʻygan ovqatlarini oldingga qoʻyib, mehmondoʻstlik burchlarini bajarsalar. Shu bilan menga koʻrsatgan mehringga yarasha oz boʻlsada javob qaytara olganimdan quvonardim.

Bu gaplarni eshitgan maymunning qalbiga hayajon oralab dedi:
-Sen doʻstlik va ahd-vafoda meni oʻzingdan ustun qoʻyma, chunki oramizdagi doʻstlik ipini sen boshlab mustahkamlading. Endi men oʻz koʻnglimning hoqoniman. Sen bilan doʻstlashganimdan beri baxt-saodat ichida yashayapman. Agar bu doʻstlikning rohatbahsh shamoli mening dimogʻimga avval yetganda edi, bunday tinch, baxtli yashashning shunday shirin ekanligini bilsaydim, foydasi oz, gʻami esa koʻp hukmdorlikdan allaqachonlar voz kechib yuborgan boʻlardim. Saxovat ahli nazarida doʻstlik gʻoyat bebaho narsadir. Haqiqiy doʻstlarning biri mashriqda boshqasi magʻribda boʻlsa ham baribir, bir-birlarini eslab va shundan tasalli topib yashayveradilar. Dengiz safariga chiqqan odam oʻziga hamroh axtaradi, lekin doʻstlari bunday safarga bormasalar, buni dushmanlik deb hisoblamaslik kerak. Sen mehmonga taklif qilyapsan, mayli boray, ammo suvdan suzib oʻta olmasligimni bilasanmi?
-Xotiring jam boʻlsin, seni oʻz orqamda koʻtarib, manzilimga olib boraman. Sen u yerda rohat va farogʻatda yashaysan, - dedi toshbaqa.

Xullas, maymun oʻz taqdirini doʻstiga topshirdi. Toshbaqa uni orqasiga mindirib, suvda suzib ketdi. Yarim yoʻlga yetganda oʻylanib qoldi va oʻz-oʻziga dedi:
-Olimlar “vafosizlik va xiyonat, ayniqsa e’tiborsiz xotinlar uchun qilingan xiyonat eng katta gunohdir”, deydilar. Ulugʻlarning yana shunday gapi bor: “Oltinning sofligini oʻtda, hayvonning kuchini ogʻir yuk ortilganda, insonning toʻgʻriligini omonatga xiyonat etmasligida bilsa boʻladi. Har holda donolar xotinlarning makr-xiylalariga aldanmaslikni a’lo koʻradilar.

Toshbaqa bir-biriga zid shunday fikrlarga bandi boʻlib, suv oʻrtasida toʻxtab qoldi. Uning qalbida qandaydir gʻalayon mavjudligini sezgan maymun shubhalanib, doʻstidan soʻradi:
-Senga nima boʻldi, fikrlar ummoni seni gʻarq etyaptimi yo meni koʻtarish senga ogʻirlik qilyaptimi? Sezib turibman, seni vijdon azobi qiynayapti. Sen shu damda oʻz nafsing bilan kurashyapsan.
-Vijdonim qiynalayotgani rost. Sen biznikiga birinchi marta boryapsan. Xotinim kasal, uy ivirsib yotgandir, seni koʻngildagidek kutib ololmasam-chi, deb koʻnglim gʻashlanyapti, - dedi toshbaqa sir boy bermaslikka tirishib.
-Sening nomusli va toʻgʻri boʻlganliging, meni dildan doʻst hisoblab yaxshi niyat bilan uyingga olib borayotganligingni bilib turibman. Oʻtirishimiz qanchalik sodda, dasturxon qanchalik faqirona boʻlsa, suhbatimiz shunchalik samimiy va shirin boʻladi. Sen bu borada tashvish tortma.

Toshbaqaga bu dalda ma’qul kelganday boʻlib yana bir oz suzdi-yu, oʻy-xayolga berilib, yana toʻxtadi. Bundan maymunning shubhasi ortdi va oʻziga-oʻzi dedi:
-Doʻstidan shubha qilgan odam oʻsha soat tadbir koʻrib, unga nisbatan ehtiyotli munosabatda boʻlishi, oʻzini saqlashi kerak. Agar shubhalari toʻgʻri chiqsa, muqarrar boʻlgan falokatdan oʻz jonini saqlab qolgan boʻladi. Gumoni xato boʻlib chiqsa, ehtiyotkorlik qilgani uchun uni koyimaydilar.

Yurak tez-tez oʻzgarib turgani uchun uni qalb* deb ataganlar. Har daqiqada u nima xayolga tushadi, niyati yaxshimi yo yomonmi bilib boʻlmay qoldi.

Maymun xayolidan shularni oʻtkazib doʻstidan “Yana nima boʻldi, yana xayol daryosiga choʻkdingmi?” - deb soʻradi.
-Nima qilay, xotinimning kasalligi, sihatining yomonligi xayolimni parishon qilmoqda.
-Doʻstlik hurmati uchun yuragingdagi tashvishni ochiq aytding. Xotiningning dardiga nima davo ekan, tabiblar aytishibdimi?

  • “Qalb” - arab tilida “aylanuvchi”, “oʻzgaruvchi” degan ma’noni anglatadi.

-Tabiblar shunday darmon belgilashganki uni topish mumkin emas.
-U qanday darmon ekan?
-Maymunning yuragi...

Buni eshitib maymunning quti uchib ketdi. Koʻz oldi qorongʻilashdi va oʻziga-oʻzi dedi:

“Meni bu dahshatli falokatga sudragan narsa badnafslik va ochkoʻzlik boʻldi; meni bu qoʻrqinchli girdobga shuhratparastlik va harislik soldi. Endi esa meni hiyla va tadbirdan boshqa hech narsa xalos eta olmaydi. Agar orolga borsam, oʻlishim muqarrar, oʻzimni bu yerda suvga tashlab qochmoqchi boʻlsam, choʻkib ketishim tayin...”

Maymun shu fikrlarni xayolidan kechirib, doʻsti toshbaqaga dedi:
-Olimlar aytubdirlarki, xalqqa zarur boʻlgan ozuqani yashirgan shoh, birodarlarining baxtli boʻlishi uchun kerak narsani bermagan doʻst “shoh” va “doʻst” degan nomlarga noloyiqdirlar. Men xotiningni qanchalik sevishingni bilaman, uning sogʻayib ketishi uchun zarur boʻlgan darmonni bermaslik doʻstlikka xiyonat qilish demakdir. Menga xotiningning dardi ma’lum, chunki bizning maymun xotinlarda ham bunaqa xastalik tez-tez uchrab turadi. Biz ularga yuraklarimizni berib, davolardik. Oʻzimiz esa yuraksiz ham yashab yuraverardik. Agar sen buni sohilda aytganingda, men yuragimni oʻzim bilan birga olib chiqar edim. Qarigan vaqtimda menga yurakning sirayam keragi yoʻq. Qaytaga uni koʻtarib yurish men uchun ortiqcha yuk, ortiqcha zahmat. Chunki shu paytgacha yuragimga qoʻngan gʻam-anduhlar juda ham koʻp. Kecha yuragimning dardi bir oz kamaysin, deb joyidan olib qoʻygan edim.
-Yuragingni nima uchun uyda qoldirding? - deb soʻradi toshbaqa ajablanib.
-Maymunlarda bir odat bor: yaqin doʻstlarining uylariga ketayotganlarida mehmondorchilik yaxshi va shirin oʻtsin, deb gʻam va alam maskani hisoblangan yuraklarini oʻzlari bilan olib bormaydilar. Aqlli va iffatli xotiningning xastaligini eshitgach, yuragimni olib borsam ezilib ketadi, deb oʻyladim.

Albatta, sen mening doʻstligimni sinagansan, shuning uchun soʻzlarimga ishonasan. Lekin sening qavmu qarindoshing “qalin doʻst boʻlsa ham oʻziga uncha zarur boʻlgan narsani bizga berishni istamayapti”, deb badgumon boʻlishlari mumkin. Yaxshisi, orqaga qaytaylik-da, yuragimni olvolaylik.

Toshbaqaga bu taklif ma’qul kelib, orqaga qaytdi. Qirgʻoqqa yetishgach, maymun bir-ikki sakrab, daraxt ustiga chiqib ketdi...

Masaldan olinajak ma’no shuki, doʻstlik saroyini tiklash oson emas, tiklangan saroyni turli ofatlardan saqlash undanda qiyinroq. Ofatlardan biri aynan shu - fitna. Fitna boʻronini har tomondan kutish mumkin. Avval aytganimizdek, oʻzini doʻst deb tanitgan uchinchi odam, farzandiga doʻsti tomonidan yomonlik kelishidan gumonsiragan ota-ona yoki masalda bayon etilgan - xotin. Doʻst libosidagi fitnachilar hayotda boshqalarga nisbatan koʻproq uchraydi. Ularning qoʻllarida gʻaraz qilichi bordir va bu qilich ayovsizdir. Farzandini doʻstidan ayirmoqchi boʻlgan ota-onada gʻaraz yoʻq. Farzandlari tanlagan doʻst ayrim hollarda ota-onalarga yoqmasligi mumkin. Ota-ona bu doʻstga baho berishda koʻproq uning ota-onalari nufuziga e’tibor qaratadilar. “Yaxshi oilaning farzandi, demak, u bilan albatta doʻstlashish kerak”. Ularning hukmi shu! Bu hukm koʻpincha aldamchi xulosalarga asoslangani uchun xato boʻladi. Ota-onalar oʻzlarining kaltabinliklari va oʻjarliklari tufayli farzandlarini yaxshi doʻstlardan ham ayirib yuboradilar. Avval nasihat bilan, soʻng qat'iy talablar bilan, agar bular ta’sir etmasa biron-bir igʻvo bilan boʻlsa-da, muddaolariga erishadilar. Farzandlarining doʻstdan ayrilishi ota-ona uchun jiddiy masala boʻlib tuyulmaydi. Farzandlari biron tugmacha yoki roʻmolcha yoʻqotsalar achinishlari mumkin, ammo doʻstni yoʻqotsalar achinmaydilar. Bu yoʻqotish oʻzlarining harakatlari natijasi boʻlsa “shu boladan uzoqlashganiga shukr”, deb quvonadilar.

Azizlar, ehtimol shu onda sizning koʻnglingizda ham oʻgʻlingiz yoki qizingizning biron doʻstiga nisbatan norozilik bordir. Siz ularni ajratib yuborishga kirishishdan avval oʻylab koʻring: u yigit (yoki qiz) sizning farzandingizga doʻst boʻlishga noloyiq ekan. Xoʻsh, oʻzingizning farzandingiz boshqalarga doʻst boʻlishga loyiqmi? Siz farzandingiz doʻstini uzoqlashtirish choralarini oʻylab oʻtirganingizda qaysidir xonadon sohiblari sizning farzandingizni noqobil doʻst hisoblab oʻz farzandlaridan nari qilishni oʻylashayotgandir? Ikki doʻstni ajratishdan avval yana oʻylaylik: farzandimiz bundan keyin yana shunday doʻst topa olarmikin? Ehtimol biz yomon deb tamgʻa bosayotgan doʻst darajasidagi boshqa odamga umr boʻyi muhtoj boʻlib yashar? Albatta farzandlarimizning doʻst tanlashlariga e’tiborsiz qaramasligimiz kerak. Ularning bu borada tajribasiz ekanini unutishga haqqimiz yoʻq. Ammo biz bilan yoshlar oʻrtasida yigirma-oʻttiz yillik farq borligini ham unutmaylik. Zamonlar oʻzgaruvchan ekanini ham hisobdan chiqarmaylik. “Mening yoshligimda doʻstim shunday edi”, degan gaplar bugunga toʻgʻri kelmay qolishi mumkin.

Xotinlar masalasi nihoyatda nozikdir. Ikki boʻydoq doʻst orasida xotin paydo boʻlgach, ularning munosabatlarida islohga ehtiyoj seziladi. Oila qurgan yigit (yoki qiz) e’tiborini koʻproq oilaga qaratishga majburdir. Endi oila mustahkamligi birinchi galdagi vazifaga aylanadi. “Xotinni deb ulfatlarimdan voz kechmayman” deydiganlarni kaltafahmlikda ayblashga haqqimiz bor. Deyarli har kuni choyxonadami yo boshqa yerdami ulfatchilik qiladiganlarni uchratib turamiz. Qanchadan qancha kelinchaklar bu serulfat, oilaga mehrsiz erlarni tun yarmigacha kutadilar. Avval oʻzlari soʻng farzandlari bilan kutadilar. Bu odamlar doʻstlikni faqat ulfatchilik, ziyofatdan iborat deb yanglishadilar. (Bu haqda tarbiya bobida ham bir-ikki soʻz aytgan edik, yodingizdami?)

Yigitlar uylanishgandan keyin yangicha ulfat tashkil qiladigan boʻlib qolishdi. Bu ulfatda (“gap”da) juft-juft boʻlib oʻtirish. Doʻstligimiz yanada mustahkamlansin, ahli ayollarimiz ham bir-birlari bilan bordi-keldi qilishsin, degan maqsadlari yaxshi. Ammo ulfatchilik tarzi yaxshi natija bermaydi. Ayollar orasida turli gʻiybat chiqishi tabiiy.

Undan tashqari orada shaytoni la’in borligini unutmaslik shart. Birgina behayo koʻz qarashi bilan doʻstlikning ham, oilaning ham buzilib ketishiga misollar yetarli. Doʻst qanchalik sodiq va solih boʻlmasin, u xotin uchun nomahram sanaladi. Doʻstlikni saqlamoqchi boʻlgan birodarlar shu hukmga itoat etsalar maqsadga muvofiqdir (Oila bobidagi misolni eslaylik).

Doʻstlarni ajratishga urinish alohida shaxslar orasida uchrab turishiga guvoh boʻlamiz. Xuddi shu narsaning davlatlar orasida ham mavjudligiga uncha e’tibor bermaymiz. Holbuki ikki davlat doʻstligining buzilishidan turli fojialar tugʻiladi. Ikki shaxs doʻstligining buzilishidan shu ikki kishining oʻzi yoki atrofidagi besh-oʻn yaqinlari aziyat chekishlari mumkin. Biroq, ikki davlat doʻstligining buzilishidan minglarcha odamlarning yostigʻi qurigani haqida tarixdan misollar koʻp. Afsus shuki, ikki shaxs va ikki davlat orasidagi doʻstlikni buzishga urinish tirik jarayon, hech qachon oʻlmaydi. Oʻldirib ham boʻlmaydi. Kishining ehtiyot choralarini koʻrib yurishdan oʻzga chorasi yoʻq. Avvalgi jamiyatda “xalqlar doʻstligi” degan iborani koʻp ishlatardik. Shu doʻstlikni mustahkamlash uchun tadbirlar oʻtkazilardi. Harbiy xizmatda ekanimda yuz bergan bir voqeani hanuz unutmayman. Tabiiyki, qismda turli millat farzandlari bor edi. Kunlarning birida “Xalqlar doʻstligi” kechasi oʻtkazildi. “Klub” deb atalmish binoda xalqlar doʻstligiga hamdu sanolar aytilardi, tashqarida esa oʻsha turli millat farzandlari mushtlashardi. Oddiy mushtlashuv pichoqbozlik va qotillik bilan yakun topdi. “Xalqlar doʻstligi” tantanasining ertasiga ikki askar yigitning murdasi uyiga joʻnatildi. Bu fojiaga “milliy ziddiyat” degan tamgʻa bosilmadi. Oddiy bezorilik natijasi sifatida qaralgani toʻgʻri edi. Chunki boshlangan mushtlashuv zamirida millatni himoya qilish tushunchasi yoʻq edi. Lekin lozim boʻlib qolgan taqdirda unga milliy adovat libosini kiydirish ham mumkin edi. 1988 - 89 yillarda Fargʻona va Oʻsh fojialarida shunday boʻldi. Turklar koʻchirib kelingandan keyingi yillar davomida oʻzbek va turk yigitlari orasida ozmi-koʻpmi mushtlashuv boʻlib turgan. Qotillik ham boʻlgandir. Ammo unga hech kim milliy adovat nuqtai nazaridan qaramagan edi. Masala aybdorlarni jazolash bilan yakunlangan edi. Lekin oʻsha yillarga kelib qaysi bir nodon siyosatchilarga kattaroq janjal koʻtarish kerak boʻlib qoldi va oddiy toʻqnashuvga siyosiy toʻn kiydirildi. Oqibatda yuzlab begunoh odamlarning qoni toʻkildi. Eng muhimi - dini bir, urf-odatlari bir xalqlarning qoni toʻkildi. Necha yuz yillar davomida yonma-yon yashagan oʻzbek yigiti bilan qirgʻiz yigiti bir-biri bilan mushtlashmaganmidi? Yigitchilikda boʻladigan gaplar bular. Janjal kuchaygan taqdirda biri ikkinchisiga pichoq tortib yuborgan boʻlishi mumkin. Biroq toʻda-toʻda boʻlib uylarga bostirib kirmaganlar, begunoh odamlarni oʻldirmaganlar, chaqaloqlarni tiriklayin oʻtga tashlamaganlar. Sovet Ittifoqi degan mamlakat parchalanishini oldini olish uchun biz tomonlardagi xalqlarni bir-birlariga yovlashtirish zarur edi. Bu fitna shu sababli amalga oshirildi. Oʻzbekiston tomonning ogʻir-bosiqligi, mulohazakorligi tufayligina fitnachilarning maqsadi toʻla amalga oshmadi. Ular oʻzbeklar Oʻshdagi birodarlarining himoyasiga tashlanishadi, degan umidda edilar. Agar shunday boʻlganda inson qonlari daryo boʻlib oqishi mumkin edi.

“Xalqlar doʻstligi” degan narsa albatta yaxshi. Ammo buni risoladagiday amalga oshirish mumkin emas. Nazarimizda xalqlar orasidagi ayrim shaxslar oʻzaro doʻst boʻlishlari mumkin. Ularning bu doʻstligi xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirib turadi. Ayrim xalqlar orasida ayrim odamlarning bir-birlariga yovligi biz xohlayotgan oʻzaro doʻstlik yoʻliga hamisha toʻgʻon boʻlib turadi. Shu bois oʻsha ayrim shaxslar doʻstligini ehtiyot qilishimiz zarur. Albatta kaminaning bu fikri sizlarda bahs uygʻotishi mumkin. Shu bois bu mavzuni millat va din haqidagi bobda davom ettirsak, degan taklifim bor.

Demak, mavzuga qaytamiz: farzandingiz sizdan “u oʻrtogʻimni yomon dedingiz, bunisini yalpoq dedingiz, qanaqa odam bilan doʻst boʻlayin?” deb soʻrab qolsa, javobga tayyormisiz? Ehtimol mana bu javob siz bilan bizga ma’qul kelar?
-Kim doʻstlariga nisbatan makru hiyla bilan ish tutsa, doʻstlari unga nisbatan yolgʻonni “tuhfa” qiladilar.

Dushman bilan yaqinlashgan kishidan uning doʻstlari qochadilar. Soʻrasalarkim: “Nomunosib doʻstdan qanday qutulmoq mumkin?” Javob buldirkim: “Ziyoratiga bormaslik va biron narsa soʻramaslik bilan”. Soʻrasalarkim: “Jondin ham shirinroq narsa nadir?” Javob buldirkim: “Begʻaraz doʻst suhbati”. Soʻrasalarkim: “Kimlar bilan doʻstlashmoq mumkin?” Javob bundaydir:
-1. Qanoatli kishilar. 2. Oʻz soʻzidan qaytmaydiganlar. 3. Olim va hunar sohiblarini qadrlaydiganlar. 4. Xiyonat va nomardlikdan nafrat etadiganlar. 5. Yaxshi xulqli nazokatli kishilar. 6. Gʻazab vaqtida oʻzini qoʻlga oladiganlar. 7. Saxiylar. 8. Badaxloq odamlarning ayshu ishrat majlislaridan nafratlanuvchilar bilan doʻst boʻluvchilarning yoʻli saodat yoʻlidir.

Soʻrasalarkim: “Kimlar bilan doʻstlashib boʻlmaydi?” Javob bundaydir:
-Aqldan mahrum boʻlganlarning maslahatlariga amal qiluvchilar; oʻz soʻzida turmaydiganlar, soʻzidan tonuvchi va yolgʻonchilar; buyuk ishlardan sabri tez tugaydiganlar va kam xafsalalilar; nonkoʻrlar; yoshining kattaligiga qaramay odob qonun-qoidalariga amal qilmaydiganlar; osonlikcha xiyonat yoʻliga tushib ketadiganlar; pulni hayotdan afzal koʻruvchi ochkoʻzlar; pastkash va maishatparastlar; hayosizlar; odamlardan sababsiz shubhalanib, ularni asossiz gunohkor qiluvchilar; oʻzining zaif ekanini bila turib uzoq safarga chiqishni qasd qilganlar; oʻz muallimini va boshligʻini tanimagan xudpisandlar bilan doʻst tutingan kimsaning yoʻli oqibat xorlik yoʻlidir.

Yana deylikki:
-Sening ranj-alamingni barobar tortadigan, shodligingga shodlanadigan doʻstni izlasang, bunday doʻst noyobdir. Senga oʻzini doʻst qilib koʻrsatadigan tasodifiy doʻstlar esa juda koʻp.

Soʻrasalarkim: “Agar haqiqiy doʻst topish menga muyassar boʻlsa, u bilan qanday muomala qilishim kerak?” Javob bundaydir:
-Haqiqiy doʻst topsang, unga sodiq boʻl, xiyonat qilma. Hamma vaqt doʻst tutmoqni odat qilgil. Zeroki, har kishining doʻsti koʻp boʻlsa, ayblari shuncha sir tutilur va fazilati koʻpayur. Har kishiki doʻstlarini yod qilmasa, doʻstlari ham uni yod qilmaslar va oqibat bu kishi doʻstsiz qolgʻusidir. Koʻnglingdagi doʻstlik muhabbatini soʻzing va ishing bilan koʻrsat, doʻsting sirin oshkor qilishdan saqlan, uning yonida boshqalarni gʻiybat qilma. Doʻsting muhtojlikda qolsa, darhol unga yordam ber. Unda biror ayb sodir boʻlsa, holi joyda (!) aybini aytib, yumshoqlik bilan nasihat qil. Agar doʻsting sening aybingni aytib, nasihat qilsa, undan minnatdor boʻl. Har doʻstkim, sendan hech sababsiz ginali boʻlsa, uning doʻstligidan tama’ qilmagilki, jahonda undan aybliroq va undan yomonrogʻi boʻlmagay. Bilgilkim, jahonda aybsiz odam boʻlmas, ammo sen salohiyatli, muruvvatli boʻl, chunki bundaylarning aybi kam boʻlurligi ayon. Agar doʻstingning koʻngli hech gunohsiz sendin qolsa, uni qaytarishga mashgʻul boʻlmagil, bunday ta’magir va kekchi doʻstdan uzoqroq boʻlganing ma’qulroq. Bund

Abu Hamza Bagʻdodiy debdurlarkim: “Faqirlarni doʻst tutish ogʻir, unga siddiqlardan boshqalar chiday olmaydilar”. Hayotda koʻp uchratamizki, moldorlar qashshoqlarni xush koʻrmaslar. Shu bois kishi oʻziga teng doʻst axtargani ma’qul. Ammo kishi moldor - boy boʻlsayu qashshoqdan doʻsti boʻlsa bu uning a’lo fazilatidir. Bilmoq joizkim, doʻst uch xil boʻladi: 1) doʻst; 2) doʻstning doʻsti; 3) dushmaningning dushmani. Dushman ham uch xil: 1) dushman; 2) doʻstingning dushmani; 3) dushmaningning doʻsti. Endi bilgilkim, doʻstlarning doʻstlari ham sening doʻstlaringdir. Ehtimolki, uning oʻsha odamga doʻstligi sening doʻstligingdan a’loroqdir. Agar doʻsting sening dushmaningni sevsa, bunday doʻstdan ehtiyot boʻl. Chunki bunday doʻst dushman tarafidan senga yomonlik qilishdan ham andisha qilmaydi. Sening doʻstingga dushman boʻlgan doʻstdan ham parhez qilganing yaxshi. Har doʻstki, sening dushmaningni dushman tutmas, uni doʻst demagil.

Yana soʻrasalarkim: “Tasodifiy doʻstlar bilan qanday munosabatda boʻlish lozim?” Javob bundaydir:
-Tasodifiy, yuzaki doʻstlarga ham qoʻlingdan kelganicha yaxshilik qil. Lekin siru asroringdan xabardor etma, ular yonida har xil soʻzlar soʻzlashdan tilingni tiy. Ularni yuzaki muomala bilan quvontirib, koʻngillarini oʻz tarafingga moyil qil. Ulardan biri koʻrinmay qolsa, boshqa shunday oshna-ogʻaynilardan uning ahvolini soʻra, biroq, mol-ashyolaringni ularga aytma, oʻz ahvolingni yashirin tut. Senga yarim doʻst boʻluvchilar ham uchraydi. Ular bilan ham soz munosabatda boʻl, ular sendan yaxshiliklar koʻravergach, yakdil doʻst boʻlishlari mumkin. Iskandardan soʻrabdilarkim: “Oz sarmoya bilan buncha koʻp mulkni qanday qoʻlga kiritdingiz?” Iskandar debdiki: “Rahmdillik bilan dushmanlarimni qoʻlga oldim, ahdga vafo bilan doʻstlarimni yoʻlga soldim”. Yaxshi va yomon odamni bir-biridan koʻngil koʻzi ila ajrata olgil. Ularning ikkoviga ham doʻstlik qilgil. Yaxshilarga koʻngil bilan, yomonlarga til bilan doʻstlik qilgilkim, toki ikki toifaning ham doʻstligi senga nisbatan paydo boʻlsin. Chunki kishining hojati bir doʻst bilangina ravo boʻlmas. Bir vaqt boʻlurkim, kishining hojati z
-Aqlsiz odamlar bilan hargiz doʻst boʻlmagil. Aqlsiz doʻst aqlli dushmandan yomonroqdir. Chunki aqlsiz doʻst shundoq ishlar qilurki, aqlli dushman uni qila olmas. Muruvvatli, ilmli va vafoli kishilar bilan doʻst boʻlsang ularning fazilatlari tufayli sening ham shuhrating ortgay. Bemuruvvat, mehr-shafqatsiz, ilmu hunarsiz kishilar bilan birga boʻlgandan koʻra tanholik afzalroqdir. Doʻstga loyiq odamni ikki narsadan bilsa boʻlur. Biri - doʻstining holi tang boʻlib qolsa yoki qashshoqlikka yuz tutsa undan yuz oʻgirmaydi, balki molini undan darigʻ tutmaydi. Yana biri - doʻsti vafot etganidan soʻng ham doʻstining farzandlari, qarindoshlarini va doʻstlarini ziyorat qilib turgay. Ularga yaxshlik qilgay. Doʻstining mozoriga borib ziyorat qilgay, xasrat chekib duolar qilgay. Rivoyat qilurlarkim, Suqrot hakimga “Butparast boʻl!” deb koʻp aytdilar. Ul zot “Bundoq soʻzni ayturdin til chekinglarkim, men hargiz ul ishni qilmasman!” - dedilar. Suqrot hakimni oʻldirishga olib borardilar. Shogirdlari zorligʻ qilib soʻradilar: “Ey hakim, endi oʻlimga koʻngil qoʻymishsiz, ayting, si

Biz talab qilayotgan doʻstga xos fazilatlarning barchasini bir soʻz bilan “iymon” deb atasak adashmaymiz. Ya’ni iymon egasidagina shu fazilatlar jam boʻladi. Demoqchimizki, doʻstni iymon egalari safidan qidiring. Iymonsizlar safida faqat dushmanni uchratasizkim, bu haqda adovat va dushmanlik bobida keyinroq alohida fikr yuritamiz.

Iymon osmoni ostidagi pokiza doʻstlikning eng yuksak namunasi Alloh va banda orasidagi doʻstlikdir. Tilimizda “valiy” atamasi bor. Bu “yaqin” (doʻst) demakdir. Koʻplik ma’nosida “avliyo” boʻladi.

Kishi ishq, iymon va taqvoda yuqori darajaga erishsa Alloh uni oʻziga doʻst tutadi va unga ma’lum karomatlar beradi. Tarixda hayoti biz - bandalarga ibrat boʻluvchi avliyolar koʻp oʻtgan. Bu darajaga yetish koʻpchilikka haddan ziyod ogʻir va mashaqqatli tuyulishi ma’lum. Biroq “Tasavvuf haqida tasavvur” kitobining muallifi shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining yozishlaricha, Allohning doʻsti boʻlish oson ekan. Buning uchun avvalo, Allohga iymon keltirish; ikkinchidan esa, taqvodor boʻlish, ya’ni Allohning aytganini qilib, qaytarganidan qaytib yashash lozim ekan. Kimning iymonida zarracha xato boʻlsa yoki Allohning koʻrsatmalari asosida emas, oʻzganing yoʻlida hayot kechirsa yoxud oʻz-oʻziga yoʻllanma tuzib olsa, u odam Allohga doʻst boʻlish baxtidan mahrumdir. Allohga doʻst boʻlganlarga esa ikki dunyo saodatining xushxabari bor. Ular iymonlari va taqvolari tufayli, Allohning inoyati ila, avvalo bu dunyoda saodatli hayot kechiradilar. Oxiratda esa xuddi shu iymonlari va taqvolari sababli jannatga doxil boʻladilar. Bunga A’rof surasidagi “Ogoh boʻlinglarkim, Allohning valiylariga xavf yoʻqdir va ular xafa ham boʻlmaslar”, oyati karimasi, Yunus surasidagi “Ularga hayoti dunyoda ham, oxiratda ham xushxabar bor...” oyati karimasi dalil ekanini eslaylik. Hadisi qudsiyda Alloh taborak va taolo shunday marhamat qilgan: “Ey Odam farzandi, sen ixlos va solih amal bilan menga xizmat qil. Zero, Men yaxshi amallar bilan xizmat qiladigan kishini doʻst tutarman va unga ham solih insonlarni xizmatkor qilib qoʻyaman...” Yana marhamat qilinadiki: “Ey Odam farzandi, kimki mening biror doʻstimga adovat va dushmanlik qilsa va unga ozor bersa, bilgilki, unday banda Menga qarshi jang qilishga qasdlanganlardan boʻladi”.

Ha, Alloh doʻstlarini ana shunday himoya qiladi. Shu bilan birga talab etadiki: “Ey Odam farzandi, Men seni doʻst tutuvchiman. Shunday ekan, shul doʻstligim tufayli meni ham oʻzingga doʻst tutgil”. “Doʻst tutgil” - ya’ni toat-ibodat qil, deyilmoqchi. Imom Muhammad Gʻazzoliy hazratlari ibodatlarni ikki guruhga boʻladilar. Birinchisi - biz bilgan va bajarayotgan odatdagi ibodatlar: namoz, roʻza, zakot, haj... Ikkinchisi - odat tarzidagi ibodatlar. Odat tarzidagi ibodatlarning eng yoqimlisi -doʻstlik, birodarlik qilishdir. Odat tarzidagi ibodatlarning eng ajoyibi Alloh uchun sevmoq, Alloh uchun doʻstlik rishtalarini bogʻlamoqlikdir. Alloh uchun ziyorat qilishning ulugʻ savobi bor. Ikki kishi bir-birlarini Alloh roziligi uchun yaxshi koʻrsa, shubhasiz har ikkovi Allohning sevgisiga musharraf boʻladi. Islom dinimiz odamlarni bir-biridan yiroqlatishga undamaydi, aksincha, doʻstlikni hayotda barqaror qilishga undaydi. Bu yoʻlda yurishni istamaganlar esa Hadisi qudsiyda ta’kid etilganiday Allohga qarshi qasdlanganlar toifasidan boʻladi va shunga yarasha jazo oladi.

Valiylik darajasiga yetish baxtiga musharraf boʻlganlarning ham oʻzlariga yarasha dardlari boʻlgan. Robi'a Adaviyya (rahmatullohi alayho) koʻp yigʻlar edilar. “Nechun koʻp yigʻlaysan?” -deb soʻradilar. Dedilar: “Alloh bilan uns (doʻst) tutdim. Ayriliqdan qoʻrqgʻaymen. Mabodo oʻlim vaqtida nido kelmasinkim: “Sen bizga kerak emassan”, - deb”. Bu holat har birimiz uchun ibratdir. Bundan anglashimiz lozimki, Alloh bilan banda orasidagi, xususan banda bilan banda orasidagi doʻstlikni avaylashni, asrashni bir nafas ham unutmasligimiz zarur. Robi'a doim zorlik bilan boʻzlar edilar. Aytishar edikim: “Ey oxirat ayoli, koʻryapmizki, zohir bir kasaling darding yoʻq. Nechun bunday boʻzlaysan?” Javob qildilarkim: “Zohir xastaligim yoʻq, ammo botinimda bir dard bor, tabiblar bu dardni hech muolaja qila olmagaylar. Dardimning darmoni doʻst visolidir”.

Doʻst visoli - Allohning jamolini koʻrish baxtidir. Alloh jamolini bandalariga faqat jannatdagina koʻrsatadi. Doʻstlik burchini yaxshi ado etishimiz barobarinda barchalarimizga Doʻst visolini koʻrish nasib etsin, degan umidda duoga qoʻl ochaylik:

Yo Rabbimiz Alloh! Bizlarga doʻst ne’matini berganing uchun Oʻzingga behisob ravishda shukrlar qilamiz. Oʻzingga sigʻinib soʻraymizki, bu ne’matingni bizlardan olib qoʻyma. Qiyomatga qadar tugʻilib, yashaydigan zurriyodlarimizni ham shu bebaho ne’mat bilan ne’matlantir. Doʻstlarimiz bilan oramizdagi sadoqatni bardavom va mustahkam ayla.

Doʻstlarimizning xonadonlariga qut va barakot berib, hamisha Oʻz panohingda asra. Doʻstlarimiz orasida bemorlar bor, ularning dardlariga Oʻzing shifo ber. Doʻstlarimiz orasida hojatmandlar bor, ularning hojatlarini Oʻzing ravo ayla. Doʻstlarimiz orasida safarni ixtiyor qilganlar bor, ularning safarlarini bexatar qil. Adashgan bandalaring orasida doʻstlarimiz ham bor, gunohlarini kechirib, ularga Oʻzing hidoyat ber. Doʻstlarimiz orasida arazlashganlar bor, ularning dillarini Oʻzing kechirimlilik nuri bilan yorit. Doʻstlarimizning ishlarida omadlarini berib, martabalarini baland ayla.

Yo Rabbimiz Alloh! “Ey orom oluvchi nafs, (umring tugadi), endi rozilik bilan Rabbingga qayt!” degan nido yetishib va Haq chaqirigʻiga “labbayka” javobini berib, qabrlarga joylashgan doʻstlarimiz bor. Ularni Oʻzing magʻfirat ayla. Qiyomatdagi savol-javobni yengil qil. Oʻzlaridan keyin qolgan farzandlari, qarindoshlariga sabr ber. Doʻstlarimizga doʻstlik xizmatini yaxshi ado etolmagan boʻlsak, gunohlarimizni kechirib, ul haqqiga duolarimizni qabul ayla!

Yo Rabbimiz Alloh! Doʻstlarimiz bilan bizlarni bu dunyoda topishtirding, Oʻzingga shukr, endi qiyomatda Oʻzingning jannatingda bizlarni yana birga qovushtirishingdan umidvormiz, noumid qilma. Doʻstlarimizdan qaysi birlarinidir doʻzax oʻtiga tashlab, doʻst ayriligʻi azobi bilan jazolanishdan Oʻzing asra. Oʻzingning vaslingga doʻstlarimiz bilan birgalikda yetishmoqlik saodatiga yetishtir. Omiyn ya Rab al-olamiyn!

II- qism
 
Keyingi