OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiOta-onalar majlisi (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm16KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/05
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ota-onalar majlisi (hajviya)
Tohir Malik

«
Kimga qiyin, ota bechoraga!
»

Maktablardagi «ota-onalar majlisi»ga faqat onalarning borishi hech kimni ajablantirmay qoʻygan paytda «Otalar majlisi» degan gap chiqdi-yu Oltmishboyning tinchi buzildi. Xotini bilan qizi bir hafta davomida majlisga borishi shartligini eslataverishib, boshini ogʻritib yuborishdi. Yakshanba kuni choyxonada oshlari bor edi. Qanday chora topishni bilmay oshxoʻr oshnalariga qoʻngʻiroq qilsa, ularning boshlari ham shu majlis bilan ogʻriyotgan ekan. Oshni ikki soat keyin damlashga kelishib olishdi.

Koʻchada qoʻshnisiga hamroh boʻlib, maktabga bordi. Muallimlar majlisga kelganlarni roʻyxatga olishayotgan ekan. Oltmishboy ularga yaqinlashdi. Familiyasini soʻrashgan edi, aytdi. Qizining shu maktabda oʻqishini ham aytdi. Ammo «Qaysi sinfda?» degan savolga kelganda qoqildi. Qoʻshnisiga qaragan edi u «Mening qizim sakkizinchida oʻqiydi», dedi. «Mening qizim ham birga oʻqisa kerak», degan oʻyda:
-Sakkizinchida,-dedi.
-Sakkizinchi «A» mi «B» mi?-deb soʻrashdi.

Oltmishboy aniq javob bermagach, har ikkala sinf roʻyxatini qarashdi. Uning qizi roʻyxatda yoʻq edi.
-Balki sakkizinchi «M» dadir?-deb soʻrashdi.

Oltmishboy ajablandi.
-Sinflaring shunchalik koʻpmi?-deb soʻradi.
-Koʻpmas, uchta sakkizinchi bor. «M» – maxsus sinf deganimiz.

Oltmishboy «Maxsus sinfda maxsus fanlar oʻrgatilsa kerak», deb oʻyladi. «M» sinfida martabali oilalar farzandlari oʻqishini xayoliga ham keltirmadi.
-Amaki, qaerda ishlaysiz?-deb soʻrashdi.
-Qurilishda, ustaman,-dedi Oltmishboy.
-Unda qizingiz «M» sinfida emas ekan,-deyishdi.

Oltmishboyning boshi qotib turgan edi, qoʻshnisi:
-Qizingiz oʻttiz ikkinchi maktabda oʻqiydi shekilli?- deb qoldi.
-Yoʻgʻ-e?-deb ikkilandi Oltmishboy.
-Ha, shunaqa, -dedi qoʻshnisi.-Koʻchaning u beti oʻninchi maktabga, bu beti oʻttiz ikkinchiga qaraydi.

Qoʻshnisi shunday degach, gapini isbot qilish maqsadida yonidan telefonni chiqarib, Oltmishboynikiga qoʻngʻiroq qildi.

Oldindan ogohlantirmagani uchun xotinini koyigan Oltmishboy oʻttiz ikkinchi maktabga bormay, choyxonaga yoʻl ola qoldi.

Men choyxonada sabzi toʻgʻrab oʻtirgan edim, bechora bir piyola choy ichib olgach, xasratini menga toʻkdi. Uning arzini eshita turib, turk adibi Aziz Nesinning bir hikoyasini esladim-u aytib bera boshladim.

* * *

Ikki oʻt orasida qolsam ham bu azobda qiynalmagan boʻlardim. Nima qilishni bilmay boshginam qotdi: ota-onalar majlisiga borayinmi yo bormayinmi? Boray desam, u yerda aytishga arziguli gapim yoʻq. Gapim boʻlganda ham, toʻrtta odamning orasida gangib aytadiganimni aytolmay, dovdirab qolaman. Bormay desam, xotindan baloga qolaman.

Xullas, oʻylay-oʻylay borishga qaror qildim. Oʻychi oʻyiga yetgunicha tavakkalchi toʻyiga yetibdi, deganlariday, maktab ostonasiga qadam qoʻyganimda majlisga kechikkanimni anglab yana toʻxtab qoldim. Bir oz ikkilanib turgach, sinf eshigini astagina ochib, ichkariga moʻraladim. Oq sochli xonim oʻrnidan turib, menga norozi qiyofada qaradi. Bu ham kamlik qilganday mushtimini tugdi, bu ham yetmaganday:
-Kechikyapsiz, janoblar, kechikyapsiz!-deb tanbeh berdi.

Uyatdan qizarib ketdim. Nimadir deb oʻzimni oqlashim kerak edi, uning baqirishiga javoban mingʻirladim:
-Avtobus yoʻq... taksi ham anqoning urugʻi... Ayb menda emas...
-Bunaqangi bahonalar ma’muriyatni mutlaqo qiziqtirmaydi!

Xonimning gapini yaxshi tushunmadim: avtobus ma’muriyatini aytyaptimi yo taksichilarni nazarda tutyaptimi? Soʻrashga istihola qilib, boʻsh joyga oʻtira qoldim. Xonim esa keskin ohangda gapini davom etdi:
-Maktab ma’muriyatining ota-onalardan noroziligi shundaki, qancha gapirmaylik, qancha ogohlantirmaylik, baribir, bolalar darsga kechikib kelishyapti. Yana eslataman: maktabda dars soat roppa-rosa toʻqqizda boshlanadi.

Xonim «Tushunarlimi?!» deganday roʻparasidagi ayolga qarab qolgan edi, u oʻtirgan joyida gap tashladi:
-Qizlarning yupqa toʻr paypoq kiyishini mutlaqo ta’qiqlash kerak. Faqat qizlar emas, katta xotinlar ham kiymasin!
-Men muhtarama xonim afandining gaplariga qoʻshilaman,-deb yuborganimni oʻzim ham bilmay qoldim.

Shunday deyishga dedim-u gapimdan uyalib, yerga qaradim. Shu onda yupqa toʻr paypoq kiyishni ta’qiqlashni talab qilgan xotinning oyogʻiga koʻzim tushib qolsami! Shu yoshga kirib bunaqa beoʻxshov oyoqni koʻrmagan edim. Boldir bilan son oʻrtasida tizza degani boʻlardi. Bu xonimning boldiri semizligidan tizzani bosib oʻtib, son bilan birlashib ketgan edi. Kiyib olgan qalin qora paypogʻi barmoqday-barmoqday boʻrtib turgan tomirlarini yashirishga ojiz edi.
-Hamma qizlar qalin qora paypoq kiyishlari shart,-deb yubordim men yana. Nega shunday deganimga oʻzim ham hayron boʻldim. Majlisga otlanayotgan paytimda gapirishni reja qilmagan edim.

Yonimda oʻtirgan janobning ensasi qotib, menga «kallang joyidami?» deganday gʻalati qarab qoʻydi. Boshqasi esa shart oʻrnidan turib, e’tiroz bildirdi:
-Muhokama qilishimiz zarur boʻlgan boshqa muammolar ham bor. Paypoq-maypoq deb boshni bekorga qotirmaylik. Biz bugun chet tillarni oʻqitish masalasini hal qilib olaylik. Meningcha, barcha darslar nemis tilida olib borilishi shart. Men Germaniyada ham yashaganman. U yerdagi barcha maktablarda darslar nemis tilida oʻqitiladi.

Majlisga kechikib kirganimdagi hijolatlik meni hali tark etmagan edi. Aybimni yuvish uchun yana gapga aralashishni istab qoldim.
-Men Germaniyada yashamaganman,-dedim baland ovozda,- lekin janobning talabini ma’qullayman. Nimaga deb soʻrarsiz? Chunki dunyo taraqqiyoti, ayniqsa, texnika taraqqiyoti nemislarning xizmati bilan boʻldi. Agar nemis bolalari maktablarida nemis tilida oʻqimaganlarida...

Fikrimni oxirigacha bayon qila olmadim. Koʻzoynakli janob gapimni shart boʻldi:
-Janoblar, majlisimiz mavzui chegarasidan chiqib ketyapsizlar. Darslarni qaysi tilda oʻqitish masalasini hal qilish vazirlikning vazifasi. Biz bugun bu yerga maktab va ota-onalarning oʻzaro munosabatini belgilash uchun yigʻilganmiz.
-Bu maktabda nemis tili necha soat oʻqitiladi?-deb soʻradi Germaniyada yashab kelgan janob.
-Har sinfda har xil,-dedi koʻzoynakli janob.-Birinchi sinfda olti soat, yettinchi sinfda sakkiz soat.
-Kam,-deb e’tiroz bildirdi janob.
-Juda kam,-deb men uni qoʻlladim.

Shu onda orqa tomondagi qariya baqirdi:
-Maktabda futbol oʻynashni ta’qiqlash kerak. Bolalarning oyogʻiga poyabzal yetkazib boʻlmayapti! Har oyda yangisini olib beraverib, sillam quridi.
-Bizning qizlarimiz futbol oʻynashmaydi,-dedi oq sochli ayol.
-Oʻgʻil bolalar oʻynaydi-ku!-dedi qariya boʻgʻilib.
-Oʻgʻil bolalar bilan ishimiz yoʻq. Bu yer qizlar maktabi!-dedi ayol oʻjarlik bilan.
-Nima? Qizlar maktabi dedingizmi?-ajablandi qariya.-Unda... bu yerda kichik nabiram oʻqirkan. Bu yerda qizlar oʻqiydimi yo oʻgʻil bolalarmi, baribir futbol oʻynashni ta’qiqlash kerak. Bolalar qadimgi an’analarimizni unutib qoʻyishyapti...
-Eng yomoni – bolalar darsga kelmay qoʻyishyapti,-dedi muallima achinish bilan.-Ota-onalar bunga jiddiy e’tibor berishlari shart.

Chap tomonimda oʻtirgan odam mendan sekingina soʻradi:
-Ziyofat qachon boshlanarkan?
-Bilmadim,-dedim.-direktordan soʻrang.
-Direktor kim ekan?
-Bilmadim... Roʻparadagi uchchala odam ham kelbatidan direktorga oʻxshaydi,-dedim.

Yonimdagi odam roʻparadagi basavlat kishiga murojaat qildi:
-Janob direktor, ziyofat qachon boshlanadi?
-Direktor qani?-deb soʻradi basavlat kishi atrofga alanglab.
-Janob direktor betoblar, majlisga kela olmadilar,-dedi koʻzoynakli ayol.

Yonimdagi odam endi undan soʻradi:
-Ziyofat qachon boshlanadi?
-Qanaqa ziyofat?-dedi ayol ajablanib.

Yonimdagi odam uyalib, joyiga oʻtirdi.
-Voy betamiz-ey! Uyga borganimda adabini bermasam boʻlmaydi. Bunaqa ahmoq qiz kaltakka loyiqmi yo yoʻqmi, oʻzingiz ayting?-deb soʻradi mendan.
-Bir nima deyishim qiyin, qizingizning aybi nima?
-U meni laqillatibdi. «Maktabda ota-onalar ziyofati boʻladi, ziyofat paytida men raqsga tushib beraman», devdi. Onasi homiladorligi uchun kelolmay, meni joʻnatgan edi.

Yonimdagi hasratini boshlagan paytda yupqa paypoq dushmani boʻlgan qalin paypoqli xonim gapga tushib ketib, da’vosini isbotlay boshlagan edi. Ayni damda nemis tili oʻqitish tarafdori ham tinmay soʻzlardi. Kim kimni eshitayotganini aniqlash amri mahol edi. Orqa tomonda oʻtirgan yigit mendan asta soʻradi:
-Men hech narsaga tushunmayapman, bu yerda nima boʻlyapti oʻzi?

Men orqamga oʻgirilib, yupqa paypoq dushmanining, futbol dushmanining da’volarini, nemis tili tarafdorining talabini erinmasdan tushuntirdim.
-Obbo!-dedi yigit uf tortib.-Bu yerga adashib kelib qolibman. Men kasaba shoʻrosining yigʻiniga borishim kerak edi, bu yerning maktabligini bilmabman. Yaxshiyam soʻz soʻramaganim. Endi bu yerdan qanday chiqib ketsam ekan?

Sochiga oq oralagan ayol oʻrnidan turib, hammani tinchitdi-da, maqsadini bayon eta boshladi:
-Janoblar, bu maktabda kambagʻal oilalarning bolalari ham bilim oladilar. Olti yuz yetmish oʻquvchining yarmi darslik sotib olishga qurbi yetmaydi. Biz hech boʻlmasa yuz oʻquvchini bepul ovqat bilan ta’minlashni xohlardik. Biz bu borada sizlarning himmatlaringizga muhtojmiz.

Bu gap bir xotinning sabr kosasini toʻldirib-toshirib yubordi. Shart oʻrnidan turdi-yu gʻazab bilan gapira ketdi:
-Bu qanaqasi! Xudoning bergan kuni yordam soʻraysizlar-a?! Qizim har kuni pul soʻraydi. «Pul bermasangiz, maktabga bormayman, dugonalarimdan uyalaman», deb xarxasha qiladi. Men sizlardan soʻramoqchiman: bu pullar qayoqqa ketyapti? Har kuni kimgadir yordam beraveramizmi? Yordamning cheki-chegarasi bormi? Yaxshisi, bir oyda shuncha pul berasizlar, deb belgilab qoʻying. Shunga qarab toʻlaylik.
-Toʻgʻri, juda toʻgʻri taklif!-deb ma’qulladim men.

Oq sochli ayol mening xitobimga ahamiyat bermay, pul haqida gapirgan xotinga yuzlandi:
-Qizingizning ismi-nasabi nima?
-Gultan Yashoba.
-Hm...-dedi oq sochli ayol labini qimtib.-Uchinchi «B» sinfida oʻqiydigan Gultan Yashobami? Demak, gap bunday, xonim afandim: qizingiz ta’tildan keyin faqat bir haftagina maktabga keldi. Shundan beri qorasini koʻrsatmadi. Biz sizni ogohlantirib, xat joʻnatgan edik.
-Nimalar deyapsiz? Demak, men yolgʻon gapirayotgan ekanman-da? Qizim kimlargadir yordam berish uchun mendan har kuni pul soʻraydi,-u norozi ohangda shunday deb yonidagi xotinga qarab davom etdi:-Uyga ham kelmaydi. Qayoqda sanqib yuradi? Dadasi bilan ajrashganmiz. Dadasi bilan turadi u...

Majlisda oʻttizga yaqin odam ishtirok etayotgan edi. Har biri oʻziga xos muammosini bildirish maqsadida qattiqroq baqirib, boshqalarning ovozini bosishga harakat qilardi. Oq sochli ayol esa barchani insofga chaqirishdan boʻshamasdi:
-Janoblar, bozor qilib yubordinglar-ku, axir! Galma-galdan gapiringlar!

Insofga kirgan janobu xonimlar tinchidilar-u soʻz soʻrab, barvariga qoʻl koʻtardilar. Birinchi soʻz navbati qariyaga tegdi:
-Muhtarama muallima xonimlar, muhtaram muallim janoblar,-deb salmoq bilan gap boshladi u,-Birinchi boʻlib futbol oʻyinini kim boshlagan bilasizlarmi? Bilmasangiz bilib oling: jahannam xizmatchilari boʻlgan yazidlar boshlashgan. Ul mal’unlar hazrati imom Husayn boshlarini tanadan judo qilib, tepib oʻynaganlar. Bu futbol oʻyini yoshlarni oʻsha buzuqlikka yetaklaydi. Futbol oʻynash ulugʻ gunoh sanaladi.

Uning ezmaligi shu qadar koʻp davom etdi-ki, oʻtirganlar chiday olmasdan: «Boʻldi qiling, biz ham gapiraylik!» deb baqira boshladilar. Shundan soʻng basavlat janob oʻrnidan turib soʻz boshladi. U har ikki bolaga bir nonushta berishni taklif qilib, bu boradagi muammoni bayon etdi:
-Shunday qilsak, kambagʻal oilalarning bolalariga himmat qilgan boʻlamiz.

U taklifni amalga oshirish gʻoyat qiyin masala ekanini isbot etish maqsadida qimmatchilikda birovga yaxshilik qilishning oʻzi boʻlmasligini, sifatli saryogʻ topish qiyinligini, koʻmir masalasi ham ogʻirligini ayta boshlaganda barchaning toqati toq boʻldi. Biroq, uni gapdan toʻxtatish oson boʻlmadi. Joyiga zoʻrlab oʻtqizib qoʻyishsa ham, javrashdan tinmadi.

Qarasam, bunaqada menga gap navbati tegmaydiganga oʻxshab qoldi. Shu sababli shart oʻrnimdan turib qichqirdim:
-Xonimlar va janoblar!

Men majlis ahlining diqqatini tortish uchun gapni Nasriddin Afandi latifasidan boshladim. Lekin latifa yarimlaganda oxirini unutib dovdirab qoldim. Lekin sir boy bermay:
-Voqeaning nima bilan tugaganini oʻzingiz bilasiz, takrorlashning hojati yoʻq,- deb latifani yakunlaganday boʻldimu maqsadga oʻta qoldim:-Agar bolalar imtihonlardan oʻta olmay, ikkinchi yilga qolishsa, bunga muallimlar emas, ota-onalar aybdordirlar! –Men gapga shunchalar berilib ketdim-ki, toʻxtatishga urinib ham koʻrishmadi.-Ota-onalarning bolalari bilan ishlari boʻlmay qoldi. Bolasining nechanchi sinfda oʻqishini bilmaydigan otani nima deb atash mumkin?

Bu gapimdan keyin oʻqituvchilar qarsak chalib yuborishdi.
-Majlisimiz choʻzilib ketdi, qolgan gaplarni keyingi majlisda hal qilarmiz,-dedi oq sochli ayol.
-Fikrimni yakunlab beray, hali gapim koʻp,-dedim men.

Ijozat berishmadi, lekin ketayotganimda muallimlar menga rahmat aytib, izzat bilan kuzatishdi. Majlisdagi ishimdan quvonib qaytdim. Biroq ostona hatlashim bilan xotinimning gʻazab oʻqlariga duch keldim:
-Qayoqlarda sanqib yuribsiz?

Soatga qarasam oʻndan oshibdi.
-Sanqiganim yoʻq. Oʻzing aytding, gapingga kirib, ota-onalar majlisiga bordim. Majlis choʻzilib ketdi. Menam gapirdim. Gapim oʻqituvchilarga juda yoqdi, rahmat ham deyishdi. Qaragin-a, ota-onalar bolalarining taqdiriga qiziqmay ham qoʻyishibdi. Bolalari bir sinfda ikki yil oʻqisa ham parvolariga kelmaydi-ya! Yana hamma aybni bechora muallimlarga toʻnkashadi. Insof degan narsa yoʻq oʻzi bularda.

Xotinim gapimga mahliyo boʻla boshlaganda qizim xonasidan chiqib, menga norozi qiyofada qaradi.
-Dada, nega majlisga bormadingiz? Oʻqituvchilarim meni yana urishishdi,-dedi labini burib.

Uning gapi xotinimning tutab turgan gʻazab oʻtiga moy boʻlib sepildi:
-Hali uyalmay-netmay bolaning oldida yolgʻon gapiryapsizmi? Yarim kechagacha allaqaerlarda sanqib kelib, meni laqillatmoqchi boʻlyapsizmi?
-Qizim, hazillashmagin, majlisingga bordim-ku? Zoʻr gaplarni gapirdim. Oʻqituvchilaring qoyil qolishdi-ku axir?!
-Dada, borganingiz yoʻq. Kelishingizni maktabda poylab oʻtirdim.
-Unaqa dema, qizim, gimnaziyangga bordim, majlisda gapirdim.
-Dada, nimalar deyapsiz?! Men gimnaziyada emas, Boyazid litseyining oxirgi sinfida oʻqiyman-ku!-dedi qizim yigʻlamsirab.
-Nima?-deb ajablandi xotinim.-Qanaqa litsey? Men seni gimnaziyaga oʻqishga beruvdim-ku?
-Oyijon, meni u yerdan haydab yuborishganiga ikki yil boʻldi.
-Qanaqa aqlsiz qizsan oʻzing!-deb baqirib yubordim men.-Qaerda oʻqishingni, qanday oʻqiyotganingni ota-onangga bildirib qoʻysang boʻlmasmidi!

Voy, tavba! Qanday zamon boʻldi oʻzi? Bu bolalarga nima boʻlgan, tushuna olmayapman...

* * *

Uchta sabzini toʻgʻrab boʻlguncha bu hikoyani aytib yakunlab, Oltmishboyga qaradim. Oltmishboy oʻylanib qolgan edi. «Hikoya qattiq ta’sir qilibdi-da», deb oʻzimdan oʻzim mamnun boʻlib soʻradim:
-Oʻshanaqa bolalar bizda ham bormikin?
-Qanaqa bolalar?-deb ajablandi Oltmishboy.
-Hozir aytdim-ku?
-Uzr, akaxon, xayol olib qochibdi. Gapingizni eshitmabman.
-Xayol qayoqqa olib qochibdi?

-Guruchni Xoldor betayin olishi kerak edi, yaxshi tayinlamabman. Agar «Kenja» oʻrniga «Devzira» olib kelsa, oshni rasvo qiladi...