OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiOta oʻgʻil (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm4KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/05
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ota oʻgʻil (hajviya)
Tohir Malik

«
ishonish shart boʻlmagan lofga qoʻshni hangoma
»

Ota oʻgʻil, deganda biz yaxshi bolalarni nazarda tutamiz. Ammo Yoʻqquloboddagi bir maktabda «ota oʻgʻil» deyilsa, muallimlar qochgani joy topolmay qolishadi. Gap shunda-ki, Joʻrqul bolaligida shu maktabda oʻqigan, oʻgʻli Gʻoʻrqul ham shu yerda oʻqiydi. Sinf rahbari bir paytlar Joʻrqulni oʻqitib, u maktabni bitirib ketgunicha tavbasiga tayangan edi. Endi qarigan chogʻida Gʻoʻrqulga roʻpara boʻlganiga nima deysiz?

Joʻrqul oʻqigan paytlarda maktabda kunda boʻlmasa ham haftada bir marta bolalardan pul yigʻish odati bor edi. Bir safar «bolalar, ertaga «Tinchlik fondi» uchun pul olib kelinglar», deyishsa, keyin «Chetqulobod pionerlariga yordam uchun» pul soʻrashardi. Joʻrqul tushmagur pul bermaslik uchun hammasiga bahona topardi. Bir kuni muallimasi «Jahonda tinchlik uchun yigirma tiyiningni ayaysanmi!» desa bola paqir «Muallim, yigirma tiyin bilan tinchlikni saqlab boʻlmaydi.» desami! Muallimaga ham qiyin unga yuqoridan topshiriq berishadi. Soʻrovchi u, yomon koʻrinuvchi ham oʻzi. Bir kuni «Katquloboddagi kompartiyaga yordam fondiga pul toʻplanglar», degan buyruq keldi. Muallima topshiriqni aytgan edi Joʻrqul «Men bermayman, Katqulobodda kompartiya yoʻq», dedi. Shunda muallima topshiriqni sal oʻzgartirib «Unda Katquloboddagi ochlarga yordam uchun pul beringlar» devdi, bola shart oʻrnidan turib: «Katqulobodda ochlar yoʻq» desami! Muallima: «Nega ochlar boʻlmas ekan?» deb hayron boʻlsa, «Kompartiya yoʻq yerda ocharchilik ham boʻlmaydi», deb yuborsami! Shu-shu muallima Joʻrquldan pul soʻramaydigan boʻldi. To Joʻrqul maktabni bitirgunicha pullarni oʻzining hisobidan toʻlab yurdi. Taqdirning nobop hazilini qarang-ki, ayni shu Joʻrqulning oʻgʻliga yana roʻpara boʻlib turibdi-ya! Ota oʻgʻil boʻlmay ketsin bu bola, huddi otasining oʻzi-ya! Ammo kecha, yaxshi gapirib, bolani iydirmoqchi boʻldi: «Bolalar, sinf remonti uchun pul berib yuborgan ota-onalaringga maktab ma’muriyati nomidan rahmat deb qoʻyinglar. Undan keyin gazetalarga obuna boʻlish uchun pul toʻplash davom etayotganini eslatib qoʻyinglar. Maktab fondiga har oyda berilishi zarur boʻlgan pulni ham unutmasinlar. Singan oynaklar oʻrniga uchun ham pullar toʻla toʻplanmadi. Deraza pardalarni yangilash uchun yaqinda pul toʻplash boshlanadi, bunga ham shay tursinlar. Oʻtgan oyda kichik boʻlimdan maktabimizga komissiya kelib, bir hafta tekshirdi. Komissiya a’zolarini chorshanba kuni mehmon qilish bizning sinf zimmasiga tushgan edi. Maktab direktorimiz bu mehmondorchilik uchun alohida rahmat aytdilar. Ammo komissiya a’zolarining ayrim harajatlari uchun toʻplangan pul meyoridan kamroq boʻldi. Kelgusi oyda maktabimizga oʻrta boʻlimdan, undan keyin katta boʻlimdan komissiya keladi. Endi biz bu kamchilikni takrorlamasligimiz kerak. Sayqulova, qizim, oʻtgan safar oying somsa qilib berib yuborgan ekanlar, rahmat. Bu safar ham somsa sening zimmangda. Oyingga ayt, somsaga kartoshkani kamroq, goʻshtni koʻproq solsinlar. Endi asosiy muddaoga oʻtamiz: bugundan boshlab maktabimizni yangi boʻlim tekshiryapti. Bizning baxtimizga, tekshiruvchi maktabda tushlik qilmas ekan. Lekin ozgina choypuli berilmasa, mehmondoʻstlik qoidasi buzilgan boʻladi. Shuning uchun ertaga pul olib kelinglar.» Muallima shunday deb Joʻrqulning oʻgʻli Gʻoʻrqulga havotirlanib qarab qoʻydi. «Ishni yana buzmasaydi», deb qoʻrqdi. Yoʻq, hartugul, bola indamadi. Shunda ham muallima «Gʻoʻrqul, sen ham pul olib kelasanmi?» deb soʻradi. Gʻoʻrqul «Albatta olib kelaman, ustoz!» deb yuborsami, yo qudratingdan! Muallima oʻz quloqlariga ishonmay, beihtiyor «Nega?» deb yubordi. Gʻoʻrqul «maktabimizni tekshirayotgan kishi buvimning jiyanlari boʻladi. Buvim aytdilar: «pul ketsa ketsin, obroʻ ketmasin. Har holda begonaga ketmas ekan-ku...»

Xullas, shunaqa gaplar... Yaxshi gapirilsa, Yoʻqquloboddagi har qanday oʻjar ota oʻgʻilni ham oʻzgartirib yuborsa boʻlarkan-a!