OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Tohir Malik. Ov (qissa)
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiOv (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm113KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/12/14
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ov (qissa)
Tohir Malik

«
Sen tebranib oʻrtangin,
Men yiqilib ingrayin.
Sen oʻtli un chekarda
Men qonli yosh toʻkayin.

Abdurauf Fitrat
»

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Erta saharda moʻminlar qatorida oʻrnimdan turgʻizgan, koʻzimga nur bergan, ongimni tiniqlashtirgan, qoʻlga qalam olishga imkon yaratgan Egamga hamd aytmoq bilan ishga kirishgumdir. Yo Tangrim, dilimda bir dard uygʻongan, uni dindoshlarimga-da yetkazishga oʻzing madad bergaysen. Ey Olloh, boshimga qilich kelganida ham Sening muborak nomingni tildan qoʻymagan, Vatan hurligi uchun jon bergan, ammo Vatan tuprogʻida yotish nasib etmagan shahidlarni oʻz rahmatingga olgʻaysen. Ul muborak zotlarni qiyomatda bandam degaysen, Rasulillah shafoatlariga Oʻzing muyassar qilgʻaysen, omiyn!

Yo Tangrim, Oʻzingning rizoliging bilan, shahidlar ruhini shod etmoq maqsadida shul asarni yozmoqqa jazm etdim. Biz gunohkor bandalaringga Oʻzing hidoyat, insofu tovfiq ber...

Muxtasar Muqaddima

Bu tong Unet sayyorasi tashvishli xabar bilan uygʻondi. Bir etagi dengizga tutash baland togʻ siynasiga joylashgan kuzatuv maskani «1248» raqami bilan belgilangan sayyoraga yetib borgan koinot kemasining halokatga uchragani haqida ma’lumot tarqatdi. Kema nima sababdan sayyora sathiga qulagani noma’lum edi. Unet olimlariga ma’lum boʻlgan narsa — fazogirlarning uchtasi halok boʻlgan. Birovi hayot, ammo uning-da qismati qorongʻi.

Oʻsha tong unetliklar taqvimida 2419 yil, erta kuz oyining oʻn birinchi kuni boshlandi. Unetliklar «1248» sayyoraning nomi «Yer» ekanini, kemalari Yer vaqti bilan 1908 yil iyunining oʻttizinchi tongida halokatga uchraganini keyinroq biladilar. Tirik qolgan yagona fazogirning taqdiri esa ularga uzoq yillar noma’lum boʻlib qolaveradi.

Oʻttiz Yildan Soʻng...

1

Bu qamoqxona qush uchsa qanoti, odam yursa oyogʻi kuymaydigan, ammo qushning ham, odamning ham yetib kelmogʻi mushkul boʻlgan uzoq bir oʻrmonzorga joylashgan edi. Fuqaro urushida chapdastligi bilan dong taratgan, Buxoro amirini Afgʻon chegarasiga qadar ta’qib etib borgan, chavandozlikda, qilich chopishda tengi yoʻq odam kelib-kelib mana shunday ovloqdagi qamoqxonaga boshliq boʻlganidan xafa edi. U osuda hayotga toqat qilolmasdi. Siyosiy mahbuslarning moʻ‘min-qobilligi uning gʻashini keltirardi. Nafsilambirini aytganda, bu yerdagilarning barchasi u uchun shunchaki siyosiy mahbus emas, balki xalq dushmanlari edilar. Fuqaro urushi chogʻida ularni tamoman qirib tashlamaganidan afsuslar chekardi. Yaxshi hamki aqlli odamlar bu qamoqqa oʻgʻri-kallakesarlarni ham yuborishgan. Boshliq dastlab ularni ishga solib, koʻngil xumorini yozdi. Oʻgʻri-kallakesarlar birgina ishora bilan siyosiy mahbuslarni doʻpposlab qolishar, Boshliq esa bu manzarani huzurlanib tomosha qilar edi. Biroq bu ham bora-bora koʻngliga lazzat bermay qoʻydi. Chunki quruq tomoshabinlik Boshliqning tabiatiga yot, bunday doʻpposlashda oʻzi ishtirok etmasa, dili taskin topmas edi.

Kunlarning birida u koʻngliga taskin-tasalli beruvchi ajoyib bir oʻyin oʻylab topdi. Bu oʻyin oqibatida boshqarmaga gʻalati ma’lumotlar bera boshladi: «Falon ismli, falon raqamli mahbus qochishga uringan paytda otib tashlandi...» Boshqarmadagilar bu qamoqxonadan kim qocha olarkin, qochib qayga borarkin, deb oʻylab oʻtirishmasdi. Ular uchun eng muhimi — mahbus tiriklayin qochib ketmabdi — kifoya!

Ikki kundan beri tinmayotgan yomgʻir qamoqxona boshligʻining ruhini tamoman ezib tashladi. Rejasi boʻyicha kecha ovga chiqishi kerak edi. Yomgʻir yerni atala qilib yubordi. Qadam bosganingda etikka bir pud loy ilashib chiqqandan oyoqni koʻtara olmay qolasan. Turkistoning issiq quyoshiga, sara mevalariga oʻrgangan Boshliq bu namgarchilikka, yomgʻir tinganidan keyin yopiriladigan chivinlarga toqat qilolmas edi. U biron yumush bilan shugʻullanmasa, yuragi tars yorilib ketishini his qilib, toʻqqizinchi barakdagi aygʻoqchisini chaqirtirdi. Tumshugʻi oldinga turtib chiqqan aygʻoqchi ostona hatladi-yu podshoh qarshisida «Buyursinlar, oliy hazratlari», deb qoʻl qovushtirgan mulozimday yuvoshgina turdi. Bu holatda qamoqxona boshligʻi chindan ham podshoh, u esa sodiq mulozim maqomida edi. Albatta, Boshliqqa «Siz podshohsiz!» degan odam balolarga qolardi. Chunki Boshliq bu soʻzdan hazar qilar edi. Podshohu boylarga qarata oʻt ochgan, jahon inqilobi uchun qilich yalangʻochlagan odamni «podshoh» deb atashni eng ulugʻ haqorat sanardi. Kimda-kim jur’at etib «Sen eshaksan!» desa, kechirishi mumkindir, ammo «Sen podshohsan!» degan tilning oqibatda kesiluvi tayin edi. Shunga qaramay Boshliq kichik bir mamlakat podshohi ega boʻlgan imtiyozlardan foydalanardi. Uning ayrim qiliqlariga qarab, u oʻzini oddiy podshohmas, Xudo deb, qamoqxonadagilarni bandi emas, banda deb biladi shekilli, deyish ham mumkin edi.

U mushuk boladay titrayotgan aygʻoqchisiga achingansimon qarab turdi-da, ustol ustidagi aroqdan istakonga toʻldirib quydi. Aygʻoqchi ildam yurib kelib, istakonni qoʻliga oldi-da, toʻrt yutumda boʻshatdi. «Kuf» deb qoʻyib tilini chiqarib, labini yalab qoʻydi.
— Xudo yorlaqasin sizni, — dedi.

Boshliq uning yuziga tarsaki tortib yubordi.
— Bu xonada Xudoni tilga olma demabmidim?! — dedi Gʻazab bilan.

Aygʻoqchi kutilmagan tarsaki zarbidan bir chayqaldi-yu, oʻzini tutib oldi.
— Bilmay aytvoribman, kechiring. Mullaning atrofida yuraverib, tilim oʻrganib qolibdi.
— Bunaqa tilni kesib, itlarga tashlash kerak. Xoʻsh, nima deydi mullang?
— Koʻnmayapti, — aygʻoqchi shunday deb yana labini yaladi. Boshliq javobdan qoniqmaganini anglab, qoʻshimcha qildi: — Indamay yotaversak gunoh-ku, qochish ham jihodning bir turi, deb ham koʻrdim.
— Nima deydi?
— Koʻp gapirmaydi, bosh chayqaydi, xolos.
— Boshqalar-chi?
— Boshqalar ancha koʻngan.
— Ancha deganing nimasi?
— Mullaga qarab turishibdi.
— Oʻzlarida kalla yoʻqmi?
— Mullaning koʻzi yomon. Bir qarasa, odamni gʻalati qilib qoʻyadi.
— gʻalati deganing nimasi?
— Qoʻl-oyoq boʻshashib, jon halqumga kelib qolganga oʻxshaydi.
— Joning halqumingga keldimi? — Boshliq shunday deb unga qattiq tikildi. Soʻng jagʻiga musht tushirdi. Aygʻoqchi ikki qadam nariga uchib tushdi. Bunday mushtdan keyin tepkilash boshlanishini bilgani uchun gʻujanak boʻlib oldi. Bu safar Boshliq marhamat qilib, tepmadi.
— Yomgʻir tinganidan keyin qochasanlar, — deb gapni kalta qildi.

Aygʻoqchi chiqib ketgach, minoradagi soqchilar oʻrmonga qarab oʻq ota boshladilar. «Yana keldimi?» deb oʻyladi Boshliq deraza osha hovliga qarab. Keyin yordamchisini chaqirib «Nima gap?» deb soʻradi.
— Oʻq oʻtmas bugʻu yana paydo boʻlibdi, — dedi yordamchi.

Erta bahorda qamoqxona atrofida katta shoxdor bir bugʻu paydo boʻlgan edi. Unga qarab otilgan oʻq izsiz ketardi. Hatto merganlar ham poylab otish-di — foyda bermadi. Shundan soʻng bugʻuni koʻrganda askarlarni sarosima bosadigan boʻldi. Boshliq «Oʻq otishsa, qoʻrquvlari kamayar», degan fikrda soqchilarga bugʻu koʻrinishi bilan otishga ruxsat bergan edi.

2

Toza havodan nafas olishga koʻnikkan ta’bi nozik odam toʻqqizinchi barakka kirib qolsa, bu joyning qoʻlansa hidiga toqat qilolmay qochib chiqishi tayin. Odam boʻyidan ikki qarichgina balandroq qilib solingan bu bostirmaning beldan sal yuqorisigina yer sathidan tepada. Ikki shapaloq hajmdagi darchalardan xira nur bazoʻr kiradi. Qoʻpol eshik ochilgan mahalda toza havo yopirilib kirishi mumkin. Gʻoʻlalar tirqishidan sizib oʻtuvchi havo esa tamaki, ter va yana allambalolarning hidini haydab chiqara olmaydi.

Rahmatulloh bu barakka qadam bosgan dastlabki daqiqada koʻp qiynaldi. Oʻqchiq tutaverib tinka-madorini quritdi. Bundan battar balolarga chidagan odam bolasi, taqdir ekan, bu sassiq havoga ham koʻnikdi. Rahmatulloh bilan birga kelgan Mirhosil barak ostonasini hatlash bilan burnini berkitib:
— Xuddi lahadga oʻxshaydi-ya, — deganida Rahmatulloh:
— Unday demang, birodar, lahad bunaqa sassiq boʻlmas, — deb edi.

Qishda yoqqan qor barak boʻgʻotigacha bosib, Gʻoʻla tirgʻishlaridan kirib turuvchi havo yoʻli ham berkilganida, oʻpkasi zaifroq mahbus bahorga yetib borishidan umidini uzadi. Rahmatulloh yomgʻir yoqqan kunlari qiynaladi. Boshqa mahal, qor yogʻib turganida ham, oʻrmonda ishlab, koʻngli sal ovunadi. Tuni bilan qiynalgan oʻpkasi rohatlanadi.

Ikki kun ezib yoqqan yomgʻir uni sil qilib yuboray dedi. Kecha oqshomda, jala avjiga chiqqan mahalda Boshliq «Zerikib qolishmasin», deb rahm qilib, barchani tashqariga quvib, yugurtirdi. Oʻshandan beri barakdan chiqishga hech kimning toqati yoʻq. Rahmatulloh oʻrmondagi allaqanday yovvoyi mevaning noʻxatdek keladigan danagidan oʻzi yasab olgan donalarni oʻgirib, tasbeh aytadi. U Ollohga nolalar qilmaydi. «E Tangrim, ne uchun menga bunday azoblarni ravo koʻrding, gunohim ne edi?» deb figʻon chekmaydi. Shundaygina yonida jagʻini mushtumiga tiragan holda, kirlanib ketgan darcha orqali tashqariga tikilib yuztuban yotgan Mirhosil bir kuni shunday deb zorlanganida, Rahmatulloh:
— Asti unday demang, birodar, neki koʻrgulik koʻrgan boʻlsak, oʻzimizning fe’limizdan. Qolaversa, Ollohning imtihoni ham bir marhamat, — degan edi.
— Men-ku, Xudoni unutayozgan bir banda edim, menga bir ogʻir sinovni ravo koʻribdimi, taqdirimga tan beray. Ammo sizday taqvo egasini bunchalar xor qilmasa?.. — degan edi Mirhosil.
— Astagʻfirulloh! Kimni qanday sinashni oʻrgatmoq ojiz bandalarning yumushi emas. Kimni iymonga qaytarmi yo yoʻqmi, deb sinasa, kimni iymoni naqadar sobit ekanini aniqlamoqdir, vallohi a’lam...

«Ya’ Ibadii! Iza ibtalaytu ‘abdan min ‘ibadii mu’minan fahamidani va sabara alayya ma ibtalaytuhu fainnahu yaqumu min madja’ihi zalika kayavma valadathu minal xatayaa». (Mazmuni budir: “Ey bandalarim! Men bandalarim ichidan bir moʻ‘min kishini 9biron musibat yetkazib) imtihon qilsam, u menga hamd aytib, mening imtihonimga sabr qilsa, u oʻsha joydan turganida xatodan (gunohlardan) onasi tuqqan kishidek pok boʻlib turadi”. Xadisi Qudsiydan)

Tabiatan jizzakiroq boʻlgan Mirhosil Rahmatulloh bilan bu xususda yana bir necha karra bahs yuritdi. Mirhosilning gaplari ba’zan shakkoklik sari yetaklasa ham Rahmatulloh unga haqiqatni sabr bilan uqtirmoqchi boʻlaverdi. Ustozi shayx Ismoil unga shunday ta’lim bergan: «Iymondan qaytganlarga yoki kofirlarga duch kelsang, sabrli boʻl, Haq-taoloning yoʻlini sabr bilan tushuntir. Shoyad, bugun boʻlmasa ertaga Olloh ular qalbidagi qulfni ochsa...»

Ollohning zikri bilan band boʻlib oʻtirgan Rahmatulloh xayolini Mirhosilning ovozi buzdi: «Men endi xuddi bir somon parchasi...
Lokin zoʻr dengizning cheksiz qoʻynida,
Jimgina boradir kirsiz qoʻynimda,
Erkin koʻpaklarning allaqanchasi...»
Rahmatulloh tasbeh donalaridan koʻzini olib Mirhosilga qaradi. Uning qimir etmay yotganini koʻrib «oʻzicha gapiryapti», deb oʻyladi-da, yana tasbeh donalariga tikildi. Shu onda Mirhosil yana tilga kirdi: Qipgʻizil qon boʻlib
Kunlar botadir...
Yomon hidga toʻlib
Tonglar otadir...
Ogʻir kunlar tushdi mening boshimga...

Mirhosil qaddini koʻtarib, chordona qurib oʻtirdi-da, aybdor odamday boshini egdi.
— She’r tugʻilib qoldimi, shoir birodar? — dedi Rahmatulloh hilmlik ila.
— Ustozning she’rlarini esladim. Hozir qayda ekanlar, qaysi sassiq barakda yotibdi ekanlar?

«Erkin boshqalardir, qamalgan menman...»

Hayvon qatorida sanalgan menman...»
— Shunday odamga jabr qilishdi-ya! — Mirhosil alam bilan bosh chayqadi. — Oʻz hamkasblari qoʻllariga kishan urib berishdi-ya! Taqsir, erta-indin ustoz qamoqdan chiqib kelsalar, ularning vijdonlari azob chekmasmikin?
— Vijdonlari deysizmi? — Rahmatulloh ajablandi. — Munofiqda vijdon boʻladi, deb sizga kim aytdi?
— Ular doʻzaximilar?
— Buni qiyomatda yolgʻiz Ollohning oʻzigina belgilaydi. Biz ojiz bandalarmiz. Kim doʻzaxga, kim jannatga noil boʻlmogʻi bizga qorongʻi.
— Shunaqa deysiz-u, koʻrinib turgan aniq narsani tan olgingiz kelmaydi. Odam goʻshtini yeyish harommi? Harom! Harom yeganlar doʻzaxga tushadimi? Tushadi. Tuhmat, gʻiybat odam goʻshti yeyish bilan barobarmi? Barobar... Doʻzaxdan boshqa yerga tushmaydi u mal’unlar. Ammo men ham ularning ketidan doʻzaxga tushishni istardim. Ularning kuyib, jizgʻanak boʻlib, azoblar chekishlarini koʻrish uchun ham doʻzaxda boʻlishni istardim.
— Astagʻfirulloh! — Rahmatulloh shunday deb tasbeh oʻgirganicha pichirladi: «Va ma-a allamnohu-sh-she’rra va ma-a yanbagʻyi lahu...» (Ma’nosi: Biz unga muhammadga she’r oʻrgatmadik va shoirlik uning uchun durust emasdir...Yosin surasi, 69-oyat)

Rahmatulloh shoirlarning fe’l-atvorini bilmagani uchun shu paytgacha bu oyatning mohiyatini durust anglamas edi. Toʻgʻri, ustozi bu xususda ham ta’lim bergan. Rahmatulloh u zotning aytganlarini yaxshi eslaydi. Hozir ham tasbeh oʻgira turib, yodga oldi: «Muhammad alayhissalom modomiki, Olloh-taolo tomonidan yuborilgan paygʻambar ekanlar, demak, faqat va faqat rost soʻzlamoqliklari shartdir. Nazm esa oʻz ehtirosi, mubolagʻasi bilan rostgoʻylikni koʻtara olmaydur. «She’rning eng shirini yolgʻonidir», deb shoirlarning oʻzlari ham e’tirof eturlarkim, oʻz ummatlariga bir umr amal qilinadurgʻon din arkonlarini oʻrgatuvchi, xususan, gʻayb olami, oxirat diyori haqida xabar beradurgʻon paygʻambarning shoir boʻlishi chindan ham durust emasdur...»

Rahmutulloh Mirhosilga koʻz qiri bilan boqadi. «Bu bandaning koʻkragida olov bor. Yondiradi, kuydiradi... Buki yurt qaygʻusida bunchalar yonsa, ustozi qanchalar yonar ekan?» deb oʻylaydi.

Mirhosil gaplari Rahmatullohga yoqmaganini fahmladi. Koʻz qiri tashlab qoʻyganini ham sezdi. «Taqsirga ma’qul gap aytish mushkul. Uni aytsang, makruh deydi, buni aytsang, shayton vasvasasi, deydi. Pichirlab duo oʻqiyverar, oʻqiyverar... Durust, Ollohni zikr etmoq — muslim uchun farz. Ammo jihod degan tushuncha ham bor-ku?! Nechun eslamaydi buni?» deb xayoldan kechiradi. Tunov kuni Komissar shunday deganida Rahmatulloh unga qattiq tikildi-yu, indamadi. Soʻng xoli qolib, Mirhosil buni takrorlaganda, «Jihodga qanday koʻtarilasiz? Chor-atrof gʻayri din boʻlsa, farosat egalari oz, kallakesar-muttahamlar koʻp boʻlsa, yana munofiqlar...» dedi.

Mirhosil sezib yuribdi: Rahmatulloh Komissarni yoqtirmaydi. Shundan boʻlsa kerak, uning takliflariga bepisand qaraydi. Qochishdan qoʻrqadimi yo Komissarga ishonmaydimi? Barakda uni hech kim ismi bilan chaqirmaydi. Hamma «Komissar» deydi. Mirhosil uning chindan komissar boʻlgan-boʻlmaganini bilmaydi. Ammo katta papka qoʻltiqlab izvoshlarda, soʻng avtomobilda kerilib oʻtirganini koʻrgan. Bu taqsir-ku, ma’lum — bolsheviklarni hazm qila olmaydi. Qizil komandir-chi? U nimaga ishonmayapti? Rahmatullohning oʻng tomonida gʻujanak boʻlib yotgan sochu qoshlari sap-sariq bu odamni «Qizil komandir» deyishlari notanish kishiga gʻalati, hatto kesatiq kabi tuyuladi. Aslida esa u chindan ham qizil komandir boʻlgan. Frunze taqdim etgan qilichini oʻynatib, xoʻp davr surgan. Haqiqat deb qilich chopganida, rahmat eshitardi, haqiqat gapni aytib qoʻyib, oʻzini bu yerda koʻrdi. Kecha yomgʻir ostida mahbuslar yugurtirilganda yana bir haq gap aytdi, oʻzi kabi qilich chopgan, oʻzi kabi qizil komandir boʻlgan, biroq, tilini tiya olgani uchun mahbus kiyimini kiymagan sobiq quroldoshi birgina musht bilan koʻzi atrofini koʻkartirdi. Bu koʻk ketar, ammo qoringa tushgan tepkilar asorati ketmas koʻrinadi. Kechadan beri ogʻriq kuchaysa kuchaydiki, kamaymadi. Ogʻriq zabtiga olganida beixtiyor ingrab qoʻyadi.

Hozir ham ingradi. Rahmatulloh tasbeh donasidan koʻzini olib, Qizil komandirga qaradi. Kaftini uning peshonasiga qoʻydi.
— Isitmasi bormi? — deb soʻradi Mirhosil.

Rahmatulloh «Ha», deb bosh irgʻadi. Qizil komandir koʻzlarini ochib, qaddini sal koʻtardi.
— Komissar qani? — dedi zaif ovozda.
— Chaqirib ketishdi, — dedi Mirhosil.
— Uning taklifini oʻyladim, — dedi Qizil komandir. — Toʻgʻri aytadi: qochish kerak. Qutulib ketolmasmiz balki, ammo oʻlganda ham isyon qilib oʻlish kerak. Bunday yashash mumkin emas. Boshqalarga saboq boʻlsin. Taqsir, boshqa yoʻl yoʻq.

Kechagi kunga qadar qochish haqida soʻz ketsa, Qizil komandir qat’iy rad etayotgan edi.

«Biz anglashilmovchilik tufayli bu yerlarga kelib qoldik. Oʻrtoq Stalin bu noma’qulchiliklarni shundayligicha qoʻyib qoʻymaydi. Men dohiyga xat yozdim. Hademay uyimizga ketamiz», deb ishontirmoqchi boʻlardi. (Maktublari Boshliq xonasida umrini yashab boʻlganini u nodon banda qaydan bilsin?) Kecha yomgʻirda boʻkib, maydonning atalasini chiqarib yugurishganidan soʻng Boshliq xonasiga haqiqat izlab kirdi. Kirishda dadil edi, dam oʻtmay chap koʻzi xiralashgan, tepki azobidan bukchaygan holda chiqdi. Hozir uxlab yotgandir, deb oʻylashgan edi. Yoʻq, uygʻoq ekan. Uyqusiz tun uni dohiydan marhamat kutish befoyda ekaniga ishontiribdi. Dilida isyon ruhini uygʻotibdi. Kimga, nimaga qarshi isyon qiladi? Nimaga erishadi? Bir marta isyon qilib-ku, koʻradiganini koʻrib yotibdi.
— Taqsir, gapirsangiz-chi... — dedi Qizil komandir.

Rahmatulloh tasbeh donalaridan koʻzlarini olmagan holda:
— Men sizga toʻgʻri yoʻl koʻrsatishga ojizman. Toʻgʻri yoʻlni Yaratganning oʻzi koʻrsatadi. Bu yerdan-ku qochib qutularsiz, keyin-chi? — dedi. Soʻng pichirlab qoʻshib qoʻydi: — Innaa lilahi va innaa ilayhi roji’un...
— Siz... oʻzingiz bilasiz... xohlasangiz, oʻtiravering,— Qizil komandir shunday deb Mirhosilga qaradi: — Bular hech qachon biz bilan birga boʻlishmagan.
— Komandir, — dedi Mirhosil keskin ohangda,— oʻylabroq gapiring.
— Ranjimang, birodar, bu kishi toʻgʻri gapni aytdilar, — dedi Rahmatulloh xotirjamlik bilan. — Biz faqat Ollohdan yuz oʻgirmaganlar bilan birga boʻlamiz.
— Ha... birga boʻlasiz... — Qizil komandir shunday deb ingradi. Bu ingrash tan ogʻrigʻi azobidanmi edi yoinki ruh azobidanmi edi, hamsuhbatlar farqlay olishmadi. Bir-ikki nafas oʻtmay, Qizil komandir yana tilga kirdi: — Olloh «sabr qilgin», degan — sabr qildik. Olloh «boylikka berilma, kibrga berilma», dedi. Ammo boylar quloq solmadilar. Sabrlilar azobda yuraverdi. Ollohga boʻyinsunmaganlar rohatda yayrayverdi. Shumi haqiqat? «Olloh», «Olloh» deysiz... Ollohingiz sizdan yuz oʻgirgan, shunga aqlingiz yetmayaptimi?

Rahmatulloh pichirlab istigʻfor aytdi, ammo Qizil komandirga javob qaytarmadi, bahsga kirishmadi. Mana shu odati mahbus birodarlarining yuragini yorib yuboray derdi. Qizil komandir ham, Komissar ham, ba’zan Mirhosil ham uni bahsga tortishga urinib koʻrardi.

Biroq, Rahmatulloh ular boshlamoqchi boʻlgan yoʻlga yaqinlashmas edi. Bir kuni Komissar: «Siz nima uchun bahsdan qochasiz, bizning haqiqatimiz oldida siz ojizsiz», deganida uning xayoliga dastlab «Ya ibni Adama! Ila kam tajolisu-solihiyna va la takunu minhum faiza jalastahum va lam takun minhum famato tuflihu?» degan kalima keldi. Ammo bu muborak soʻzlarga Komissarning fahmi yetmasligini eslab, fikrini loʻnda bayon qila qolgan edi: «Sizning qalbingizga shayton in qurib joylashib olgan. Siz avval qalbingizni poklang, soʻng haqiqat xususida men bilan soʻzlashing».

Komissar kirib joyiga choʻzildi. U har safar navbatdagi «soʻroq»dan qaytgach, shunday qiladi. Ayniqsa, xoʻjayin aroq bilan siylagan damda, hididan payqab qolishmasin, deb boshini ham choyshabga oʻrab oladi. Rahmatulloh buni fahmlagan, uning qadam olishi bejo ekanini sezgan. Shu bois uning gaplari, takliflarini e’tiborsiz qoldirardi. Komissar boshini choyshabga oʻrab olgan boʻlsa-da, Rahmatullohning oʻtkir nigohini his qildi. U shart choyshabni yulqib, qaddini koʻtardi — yanglishmagan edi, Rahmatulloh unga qattiq tikilib turardi.
— Nimaga menga bunday qaraysiz? — dedi Komissar titroq ovozda. — Gapiring, maqsadingizni yashirmang, ayting!

Rahmatulloh undan nigohini olib qochmadi. Komissar bundan battar talvasaga tushdi.
— Qaramang menga, — dedi bu safar yalinish ohangida.

Soqchi kirib, Rahmatullohni chaqirmaganida oxiri nima boʻlishini aytish mushkul edi. Har holda Komissarning bu nigohga chiday olmasdan talvasa olovida qovrilib, oqibat portlashi haqiqatga yaqin edi.

Rahmatulloh oʻrnidan turayotib, Mirhosilga bir qarab oldi. Mirhosil bu qarashning ma’nosini toʻgʻri anglab, unga ergashdi. Eshikka yaqinlashganida Rahmatulloh Mirhosilga qaramagan holda, xuddi oʻziga-oʻzi gapirayotganday dedi:
— Siz esli odamsiz, ehtiyot boʻling.

Boshqa gap aytmadi. Randa koʻrmagan qalin taxtalardan ishlangan beoʻxshov eshikni ochib, tashqariga chiqdi.

3

Aygʻoqchi chiqib ketishi bilan Boshliq uning izidan tupurdi. Garchi Komissar xolis xizmat qilayotgan boʻlsa-da, Boshliq undan nafratlanar edi. «Sotilishi bu qadar oson boʻlgan odam qanday komissarlik qilgan, odamlarni nimalarga da’vat etgan, bunga ergashganlar qanday ahmoqlar ekan?» deb oʻylar edi. Hozir ham shu oʻy xayoliga kelib, gʻijinib tupurdi. Soʻng labiga papiros qistirib, qoʻllarini shimining choʻntagiga solgan holda, gʻoz kelbatida u yon-bu yon yurdi.

Xuddi shu onda minoradagi soqchilar oʻq oʻtmas bugʻuni koʻrib qolib, palapartish oʻqqa tuta boshladilar. Boshliq «Oʻq oʻtmas bugʻu yana paydo boʻlyapti», degan xabar bilan kirgan yordamchisiga qattiq tikildi. Yordamchi bu qarashga dosh berolmay, bugʻuni oʻzi atayin boshlab kelib gunohga botgan odamday, boshini egdi.
— Toʻqqizinchi barakdagi mullani chaqir. Tunneldan kelsin.

Yordamchi «Xato eshitmadimmi?» degan xayolda boshligʻiga savol nazari bilan qarab oldi. Boshliq buni sezib, keskin ta’kidladi:
— Ha, tunneldan!

«Tunnel» deganlari simtoʻr bilan oʻralgan itxonaning oʻrtasidan kesib oʻtuvchi dahlizmonand yoʻl. Hamisha yarim och holda saqlanuvchi, «bos!» deyilsa, har qanday tirik jonni Qajib tashlashga tayyor itlar orasidan oʻtib kelishning oʻzi boʻlmaydi. Bu ham Boshliqning ixtirolaridan biri. Jazoga loyiq mahbuslar boshlariga shunday koʻrgulik tushishidan qoʻrqishadi. Boshliq esa «Xalq dushmanlaridan hatto itlar ham hazar qiladilar», deb ularning talanishlarini huzur bilan kuzatadi. Yordamchi moʻ‘mingʻobil holda yuruvchi mullani bilar edi, shu bois ham «U qanday gunoh qilibdi?» degan oʻyda boshligʻiga savol nazari bilan qaragan edi.

Rahmatulloh Boshliqning xonasiga toʻgʻri yoʻldan emas, orqa tomondan borishlarini bilib, tunneldan oʻtishga hukm boʻlganini fahmladi. Simtoʻr eshik ochilmay turib Yaratganga munojot etib, bu azoblardan qutqarishni soʻrab edi, shu daqiqada qamoqxona devori ortidagi oʻrmonzorda bugʻuning uzun oʻkiriq ovozi eshitildi. Munojot bilan band boʻlgan Rahmatulloh avvaliga bu zorli ovozga unchalik e’tibor bermadi. Ikkinchi oʻkiriq yanada baland ovozda, butun oʻrmonzorni, oʻrmonzorning pokiza bagʻriga kanadek yopishib turgan qamoqxonani larzaga solgandek boʻldi. Rahmatulloh bir zum toʻxtadi. Uning qulogʻi ostida bugʻuning oddiy oʻkirigʻi emas, «Ollohu akbar!» degan sof, jarangli ovoz yangragan edi. Bunday ovozni u Ka’batullohda eshitar edi. Ulgʻayib, Turkistonga qaytganidan keyin necha ming marta azon ovozini eshitdi, ammo Ka’batullohdagi muazzin ovoziga oʻxshaganini uchratmadi. Bolalikda qulogʻiga quyilib qolgani uchunmi, bu sof, jarangdor ovoz, bu ohang Rahmatulloh uchun qadrli edi. Nima uchun bugʻuning oʻkirigʻi unga «Ollohu akbar!» boʻlib eshitildi — oʻzi ham anglamadi. Avvaliga, menga shunday tuyuldi, deb oʻyladi, biroq, bu holat yana uch karra takrorlangach, kalimai toyyibani aytib, beixtiyor osmonga qaradi. Yuzlarini sovuq tomchilar savaladi. Minoradagi soqchilar oʻrmonga qarab palapartish oʻq otaverdilar. Soqchi yelkasiga asta turtib, uni tunnelga yoʻlladi. Rahmatulloh «Bismilloh», deb ostona hatlab, kalimai shahodatni aytdi-yu, soʻng «Oyatal kursiy»ni oʻqib, oʻzi tomon yugurib kelayotgan itlarga tikildi. Oradagi masofa uch qadam qolganida «Shu qoqsuyak bandani ermak qilamiz» deb vovullab yugurib kelayotgan itlar birdan dumlarini qisib, toʻxtab qoldilar. Soʻng orqalariga qaytib, in-inlariga kirib ketdilar. Rahmatulloh tunneldan oʻtib olgach, xuddi boʻri kabi boʻyinlarini choʻzib bir necha marta ulidilar.

Bu manzarani koʻrgan soqchining esi chiqib ketayozdi. Deraza osha qarab turgan Boshliq ham sarosimaga tushdi. Sarosima toʻridan chiqishga ulgurmay, eshik ochilib, ostonada Rahmatulloh koʻrindi.

Boshliqning Rahmatulloh bilan gaplashish istagi yoʻq edi. Aniqroq aytilsa, uning bus-butun holda, biron yeri hatto tirnalmagan tarzda kirib kelishi mumkinligini mutlaqo kutmagan edi. Na iloj qilsinki, eti ustixoniga yopishgan, qorachadan kelgan, botiq koʻzlarida qat’iyat zuhur boʻlgan bu mahbus roʻparasida turibdi. Bir necha daqiqa muqaddam shu yerda turgan aygʻoqchi kabi koʻzlari javdiramaydi, qaddi egilmaydi. Boshliq uning qoramagʻiz yuziga qarab ajablandi: aygʻoqchi ham, yordamchisi ham oq-sariqdan kelgan boʻlsa-da, yuzi tund koʻrinadi. Bu mahbusning qoramtir yuzi esa yorishib turganga oʻxshaydi. Boshliq bu muammoga javob topishga harakat qilmaydi. U mahbusni chaqirtirdi. Mahbus roʻparasida turibdi. Endi nimadir deyishi kerak.
— Sen nima uchun aksilinqilobiy tashviqot bilan shugʻullanyapsan? — dedi toʻng ohangda. Boshliq bu savolni jazolamoqchi boʻlgan mahbusiga qarab, odatda baqirib aytardi. Toʻqqizinchi barakdan chaqirtirilgan bu mullaga nima uchundir baqirolmadi. Bunga dastlab oʻzi ham ajablandi. Soʻng oʻzidan oʻzi nafratlandi. Mullaning savolga darrov javob bermay, kiprik qoqmagan holda turishi uning Gʻazabini yanada oshirdi:
— Ayt, nima uchun aksilinqilobiy tashviqot yurgazyapsan?!

Bu safar odatini kanda qilmadi — ovozi baralla chiqib, hovuri bir oz koʻtarildi. Bu safar ham savoli javobsiz qolgach, urishga shaylandi-yu, ammo beixtiyor ravishda oʻzini tiydi.
— Gapga tushunasanmi oʻzing?

Rahmatulloh uning tilida soʻzlashishni bilmas edi. Faqat ayrim buyruqlarning ma’nosinigina tushunar, soqchilar, ishdagi nazoratchilar poʻpisa qilib qolsa, Mirhosil oʻrgatgan ikki soʻzni ishlatib, ularning dagʻdagʻasidan qutulardi. Hozir ham bisotidagi oʻsha soʻzlarni ishlatdi:
— Net ponimash.

Boshliq «Tfu!» deb soʻkindi. Chindan ham, oʻzi bu mahbusning tilini bilmasa, bu mahbus esa uning gaplariga tushunmasa, nima desin? U mullaga nafrat koʻzini bir oz qadab turdi-da, qimir etmagan holda baqirib, yordamchisini chaqirdi:
— Bu marazning tilini biladiganlardan bittasini boshlab kel!

Buning tilini kim bilishi yordamchi uchun qorongʻi edi. Aniqroq aytilsa, hozirgina hammani hayratga solib tunneldan oʻtib kelgan bu odamning millatini bilmas edi. Qamoqda osiyoliklar koʻp, ammo, ularning millati har xil boʻlsa... Boshliq yordamchisining talmovsirab turganini koʻrib, Gʻazabini unga sochdi:
— Buyruqqa tushunmadingmi, galvars?!
— Tushundim, lekin...
— Nima, «Lekin»?
— Qaysi tilda gaplashar ekan?
— Borib, barakdagi hamtovoqlaridan soʻraysan. Shunga ham kallang ishlamaydimi?

Oradan koʻp vaqt oʻtmay, xona eshigi ochilib, Yordamchi buyruq bajarilganini ma’lum qildi. Unga na Boshliqdan, na Rahmatullohdan sado chiqdi. Boshliq nigohi oʻtkir bu mullani nima deb qiyingʻistovga olishni oʻylardi. Mana shu qisqa fursat ichida u nihoyatda ogʻir vazifaga tayin etilganini yana bir bor his etdi. Fuqaro urushida ming chandon durust edi. Bunaqalarga nima desam ekan, deb bosh qotirib oʻtirmasdi. Qilichini yalangʻochlab, bir siltar edi, tamom.

Rahmatulloh Boshliqning doʻpposlab qolish odati borligini eshitgan, shu sababli undan koʻz uzmay turardi. «Ya bani Adama! Inni harramtu-z-zulma ala nafsii va jaaltuxu baynakum muharraman fala tazaalamuu»... Bu ham odam farzandi-ku, zulmga buncha oshna boʻlmasa, — deb oʻylar edi u.

Xonaga kirib kelgan Komissar uning xayolini toʻzitib yubordi. Xona oʻrtasida Boshliq bilan yuzma-yuz turgan Rahmatullohni koʻrib, Komissar qoʻrqib ketdi. U tilmochlik qilajagidan bexabar edi, shu bois «Bu mulla mening haqimda yomon gap aytdimi?» degan oʻy badaniga sovuq titroq tarqatdi. Komissarning xiyonatga moyil ekanini gumon qilib yurgan Rahmatulloh ham «Bu biron nimani chaqqan ekan-da», deb oʻyladi. Ularning gumonli oʻylariga Boshiliqning Gʻazabli ovozi barham berdi:
— Buning tilini bilasanmi?
— Bilaman... — Komissar Boshliqqa najot nazari bilan boqdi-da, pastroq ovozda qoʻshib qoʻydi: — bittasini bilaman.
— «Bittasi» deganing nimasi?
— Bu koʻp tillarni biladi.
— Menga bittasi ham yetadi. Tarjima qil: nima uchun lagerda aksilinqilobiy tashviqot yurgizyapti?

Komissar tarjima qildi. Rahmatulloh savolni tushunmay, Boshliqqa qaradi:
— Aksilinqilobiy tashviqot nima?

Boshliq yana yon tomonga tupurib, soʻkindi:
— Xudoga sigʻinasanmi?
— Ha, men yolgʻiz Ollohga sigʻinaman.
— Daraxt kesgani chiqqaningda berkinib ibodat qilasanmi?

Bu savoldan soʻng Rahmatulloh Komissarga tikildi. Komissar koʻzini olib qochdi. Qamoqxonada kim boʻlsin — musulmonmi, nasroniymi, yahudiymi — farqi yoʻq, ibodat qilish qat’iyan man etilgan edi. Rahmatulloh ichkarida ekanida imo-ishora bilan boʻlsa-da, namozini oʻqir, daraxt kesishga chiqqanida esa butalar orasiga yashirinib ibodat qilar, bunday damlarda oʻzini suvga qaytib tushgan baliqdek rohatda his etar edi. Soqchilar koʻrishsa ham indashmas, Rahmatulloh shuning uchun ham Yaratganga shukrlar qilar edi. Uning namoz oʻqishini soqchilar Boshliqqa chaqishmaydi. Rahmatullohning Komissarga qarab qoʻyishi shu vajhdan boʻldi.
— Men faqatgina omonatini Oʻziga topshirganimdan keyingina ibodatni qoʻyaman, — dedi Rahmatulloh qat’iy ohangda.
— Omonati nima ekan? — deb ajablandi Boshliq.
— Jonini aytyapti, — dedi Komissar, — oʻlgunimcha oʻqiyveraman, demoqchi.

Boshliq bu oʻjar odamni faqatgina urib xumordan chiqish mumkin degan xulosaga keldi. «Bular bilan musht tilida gaplashish kerak. Tilmoch ham lozim emas». U shunday fikrda qoʻl koʻtardi. Rahmatulloh uning urushga chogʻlanganini koʻrsa-da, qilt etmadi. Boshliq urmoqqa hezlandi-yu, ammo kutilmaganda qoʻlini orqaga siltadi. Bundan Komissargina emas, oʻzi ham hayratlandi. Oldinga oʻqdek uchishi lozim boʻlgan mushtni qandaydir kuch orqaga siltab tashlagan edi.
— Buguncha urmayman, — dedi Boshliq hayratini oshkor qilmaslikka tirishib. — Uzr soʻramoqchiga oʻxshadi, ayt, tiz choʻksin, uzrini qabul qilaman.

Rahmatulloh Komissarning tilidan bu gapni eshitib, kulimsiradi.
— Nimaga ishshayyapsan?
— Men banda oldida tiz choʻkmayman. Men faqat Ollohning quliman, bandaga tavba qilmayman.

Bu gapdan Boshliqning Gʻazab daryosi toʻlib toshdi. Yana urmoqchi boʻldi, biroq yana haligi holat takrorlanmasin degan xavotirda oʻzini tutdi.
— Shunaqami, koʻramiz, — dedi ijirgʻanib. Soʻng yordamchisini chaqirib, buyurdi: — Tunneldan hayda bularni!
— Mening nima gunohim bor? — dedi Komissar qoʻrquv bilan.
— Hammang bir goʻrsanlar.
— Til uchida boʻlsa ham tavba qilib qoʻya qoling, bular bilan oʻchakishmang,— dedi Komissar Rahmatullohga yalinib.
— Men munofiqlik qila olmayman, birodar.
— Axir, och itlarga talatmoqchi.
— Oʻzingiz tiz choʻkavering.

Rahmatulloh shunday deb Yordamchining «Chiq!» degan ishorasiga itoat etdi. Komissar yigʻlamasa ham yigʻlagudek boʻlib unga ergashdi.

Bu safar manzara oʻzgacha boʻldi — itlar dumlarini qisib inlariga kirib ketmadilar, aksincha, Rahmatulloh bilan Komissar atrofida jon-jahdlari bilan vovullayverdilar.

Boshliq bu manzarani ham hayrat, ham Gʻazab bilan kuzatdi. Mushtumini qattiq qisdi — hatto barmoqlari qisirlab ketdi.
— Men it emasman, mendan qochib qutulib boʻpsan!— U oʻzicha shunday dedi-da yordamchisini chaqirdi:
— Ikki soatdan soʻng Komissarga ayt: operatsiya ertaga tongga belgilanadi. Tayinla: tosh yogʻsa ham qoldirilmaydi. «Ayiq»qa aytib qoʻy: bugun ularni bir ermak qilsin.

«Ayiq» qamoqxonaning azroili hisoblanadi. U kimnidir ermak qildimi — demak, u bechoraning umr shomi yaqinlashibdi. Boshliq toʻqqizinchi barakdagilarni bekorga «Ayiq»qa topshirmadi. Ertangi «ov» oldidan ularning sillasini quritib, oʻzining yumushini picha osonlashtirmoqchi edi. Yordamchi buni tushunib, iljayib qoʻydi.

4

«Tunnel»dan oʻtib olishganidan soʻng Komissar Rahmatullohning chap yelkasidan asta ushlab, uni oʻziga qaratdi:
— U badbaxt bilan yomon oʻchakishdingiz. Endi tinch qoʻymaydi. Qochmasangiz, oʻldim, deyavering.

Rahmatulloh toʻxtab, atrofga quloq tutdi: bugʻuning zorli oʻkirigʻi ham, qulogʻi ostida jaranglayotgan «Ollohu akbar!» degan ovoz ham tingan, hammayoq birdaniga osudalik bagʻriga singgan edi. Rahmatulloh Komissarga qaradi — uning qoʻrquvdanmi yo izgʻirindanmi, rangi oqargan, lablari bilinar-bilinmas titrar edi.
— Yana oʻsha gapmi? — deb yelkasidan Komissarning qoʻlini oldi. — Sizga bir hikmat aytayinmi? Siz Qul Xoja Ahmad ismli zoti bobarokatni bilarsiz? U kishi bola choqlarida maktabdagi ustozlari ilm toliblariga bir yumush buyuribdilar. Aytibdilarki, «Bolalar, sizlar ertaga bittadan xoʻroz soʻyib olib kelasizlar. Ammo xoʻrozni Ollohning nazari tushmaydigan joyda soʻyingizlar». Ertasiga bolalar ustozlari vazifasini bajarib kelibdilar. Birovi koʻprik ostida, birovi esa oshxonadami soʻyibdi-da, Qul Xoja Ahmad esa xoʻrozni tirigicha koʻtarib kelibdilar. Ustozlarining «Siz nima uchun soʻyib kelmadingiz?» degan savollariga u zoti bobarokat: «Men Ollohning nazari tushmaydigan joyni topa olmadim», degan ekanlar. Komissar, siz bu hikmat yongʻogʻini bir chaqib koʻring, ma’qulmi?..

Komissar Rahmatullohdan koʻzlarini olib qoch-di.

Oʻsha qoʻlansa hidli barakka oldinma-keyin kirib borishdi. Qizil komandir hamon ingrab yotar, Mirhosil esa chordona qurib olgan, tirsagini tizzasiga, mushtumini esa iyagiga tiraganicha oʻyga botib oʻtirar edi. Rahmatullohni koʻrib, chaqqonlik bilan oʻrnidan turdi-da, unga peshvoz chiqib, uzoq safardan qaytgan odamni qarshilaganday, quchoqlab oldi.
— Bu chaqiruvning boisi nima ekan, deb koʻnglim bir alagʻda boʻldi, tinchlikmi ekan?
— Koʻrib turganingizdek, — dedi Rahmatulloh uni quchogʻidan boʻshatib. — Soʻraydirgan soʻroqlari bor ekan. Ularning yumushi shu-da. Komissar akangiz tilmochlik qilib berdilar.
— Xayriyat, ziyon yetkazmabdi, — dedi Mirhosil uning yelkalarini mehr bilan silab.

«Ziyon yetkazmabdi, deb Boshliqni nazarda tutyapti, — deb oʻyladi Rahmatulloh. — Ollohning oʻzi asraganini bu bilmaydi. Komissar-chi? Uning fahmi yetdimikan bunga?» Rahmatulloh shu xayolda orqasiga oʻgirildi. Komissar hech narsa anglamaganday, koʻzlarini chetga olib, uning yonidan oʻtdi-da, joyiga borib choʻzildi.
— Komandir qiynalyapti, — dedi Mirhosil Rahmatulloh joyiga borib oʻtirgach. — Bir nima qilsangiz-chi?
— Men nima qilay? Tabiblik qoʻlimdan kelmasa... Men ham Ollohning siz kabi ojiz bandasiman.
— Oʻqisangiz-chi? Em boʻlmasmikin?
— Oʻqisammi? — Rahmatulloh bosh chayqadi. — Bu kishi Ollohni tan olmasalar, aqidalari boʻlak boʻlsa... Avval iymonga kalima keltirsalar edi...

Qizil komandir koʻzlarini ochdi.
— Kerakmas, — dedi u xasta ovozda. — Kerakmas... Endi foydasi yoʻq. Taqsir, Fir’avnning qismatini eslaysizmi? — Qizil komandir «uh-h» deb yubordi. Soʻng qiynalib yutindi. — Oʻlim oldida kalima keltirganida, Xudo «Boʻldi, endi kech», degan ekan.

Rahmatulloh unga ajablanib qaradi.
— Buni siz kimdan eshitgansiz?
— Eshitmaganman... oʻqiganman, — U bir oz tin oldi. — Men... madrasa koʻrgan odamman.
— Astagʻfirulloh! Shunday boʻla turib?..
— Ha... Nikolay podshoni duo qilish, u falokatning nomini xutbaga qoʻshib oʻqish durust emas, deganim uchun haydashgan. Meni haq soʻzim uchun koʻkragimdan itardilaringmi, men endi senlar bilan bir dinda qololmayman, deb xudosiz boʻlgan odamman. Bu yogʻiga endi men emas, ular gunohkordirlar.
— Bu yogʻi yolgʻiz Ollohga ma’lum.
— Ha, ma’lum. Men ular bilan... — Qizil komandir Rahmatullohga qattiq tikildi. — Siz bilan ham birga boʻlmadim. To tirik ekanman, birga boʻlmayman. Ammo... ammo... kambagʻalning qonini soʻrib yotgan boylarni sizlarga oʻxshab duo qilmadim. Sizlar Ollohning kalomini bir tuguncha noz-ne’mat evaziga sotib kun koʻruvchi chayqovchisizlar. Boy yelkangizga chopon tashlasa «Ey Olloh, mana shu saxiy bandangga jannatdan joy hozirlab qoʻy», deb ertayu kech duo qilasizlar. Ha... a, Mirhosil, siz yana bu zotga «Oʻqib qoʻying», deysiz. Agar chopon yopsam, iymon keltirganmanmi, yoʻqmi, surishtirib oʻtirmay oʻqib tashlayverardilar...
— Astagʻfirulloh! — Rahmatulloh azob iskanjasidagi odam bilan bahslashishni oʻziga ravo koʻrmadi. Oʻzini oqlashni ortiqcha deb bildi. Gunohkor odamgina oʻzini oqlashga kirishib ketadi. Qizil komandir isbotsiz, tuzsiz gaplarni aytdi. Bir-ikki ogʻiz gap bilan uning toshga aylangan qalbini erita olarmidi?

Mirhosil Rahmatullohning sukut saqlashini oʻzicha tushundi. Rahmatullohdan arzirli javob kutib bezovtalandi. Javobga Qizil komandir ham ilhaq edi. Oʻzi istamasa-da, holi boʻlmasa-da, qandaydir kuch uni bahsga da’vat etardi. Rahmatullohga zahrini sochsa, goʻyo dardi yengillashadiganday edi.
— Javob bermaysizmi, taqsir?
— Birodar, shu sharoitda, shu holatda bahs joizmikin?
— Joiz! — Qizil komandir shunday deb tirsagiga suyanib, qaddini koʻtardi. — Men haqiqatni yanada oydinlashtirib olmoqchiman.
— U holda javob shuki...— Rahmatulloh bir oz sukut saqlab, soʻng davom etdi:
— Deydilarki, «Burgaga achchiq qilib, koʻrpa kuydirma»... Siz koʻrpani emas, iymonni kuydirib qoʻyibsiz. Qiyomatda dalillaringiz, uzrlaringiz inobatga olinmay qolsa-chi, degan hadikdaman.
— Uh-h... — Qizil komandir ingrab, boshini qattiq yostiqqa qoʻydi.
— Bas qilinglar,— dedi Komissar yotgan yerida.— Bu yer haqiqatni oydinlashtiradigan joy emas. Bekorga falsafa soʻqmay, jonni omon saqlash choralarini oʻylanglar. Bittagina yoʻl qolgan. Hozir biz «tunnel»dan oʻtib keldik. Itlarning qorni toʻqroq ekan, tegishmadi. Bola-chaqamga «Otang itlarga talanib, yem boʻlib oʻldi», degan xabar borishidan isnod qilaman. Oʻlsak ham, odamga oʻxshab oʻlaylik.

U shunday deyishga dedi-yu, bularga qoʻshib oʻzini ham otib tashlashlari mumkinligini oʻylab, ichidan qirindi oʻtdi.
— Odamlar qochishyapti, — dedi u sir boy bermaslikka harakat qilib. — Quvib chiqishdi. Ammo boʻsh qaytishdi. Yetib olishsa, yo tirigini, yo oʻligini keltirishardi. Bu yerlar ovloq boʻlgani bilan yoʻl bor-ku? — U bir oz jimlik saqladi-da, qat’iy qilib qoʻshib qoʻydi: — Ha, yoʻl bor!

Rahmatulloh uning gaplarini eshitgisi kelmadi. Uning moʻljalida asr namozining vaqti boʻlgan edi. Eskirib, titila boshlagan junchoyshabga kaftini urib qoʻyib tayammum qildi-da, devor tomonga oʻgirilib,tiz choʻkib oʻtirdi. U namozni oʻqib boʻlguniga qadar suhbat uzildi. Qizil komandir bir-ikki ingradi. Komissar qoʻlini boshiga bolish qilib, shipga tikilganicha jim yotdi. Mirhosil yana chordona qurib, qaddini bukibroq oʻtirib oldi. Rahmatulloh namozni oʻqib boʻlgach, yonboshladi.

Ahli muslim orasida esini tanigan bu odamning Ollohni unutgan bandalar bilan birga sassiq barakda yotishi inson bolasi uchun ogʻir sinov edi. Yaratganning huzuriga qaytish kuni yaqinlashayotganini uning koʻngli sezib turardi. Vujudini allaqanday gʻashlik tobora mahv etardi. Uning tanasi bu ovloqdagi qamoqxonada, yuragi esa koʻkrak qafasida tutqun. Faqat xayoli ozodlikda. Ruhi ham erkinday goʻyo, ammo tutqun vujudni, koʻkrak qafasida qon qaqshayotgan notinch yurakni tashlab uzoqqa keta olmaydi. Yaxshi hamki, tutqunlikni bilmas xayol bor. Parvardigorning zikridan boʻshadi deguncha, xayol unga avval huzur baxsh etadi, keyinroq esa iskanjaga olib qiynaydi.

Hozirgiday yonboshlagan chogʻida maylini xayol ixtiyoriga beradi. Xayol uni bir zumda kindik qoni toʻkilgan Makkai mukarramaga eltadi. Parishon oʻtirgan zavjasini koʻradi. Rahmatulloh ota yurtini qoralab safarga chiqqanida u yukli edi. Yaratganning irodasi bilan eson-omon koʻzi yorib olgandir, hozir farzandi arjumandi yugurgilab oʻynab yuradigan yoshga yetgandir... Rahmatulloh avvaliga uni ham birga olib ketmoqchi boʻlgan edi. Onasi ham «Xotiningni qoldirma», deb yalindi. Rahmatullohning oʻzi oʻjarlik qildi. «Tugʻiladigan bolam oʻzimga oʻxshab musofir boʻlib tugʻilmasin», dedi. Ana shu gapi uchun keyin yuz afsus chekdi, ming nadomatlar qildi. Nodon ekan. Uning bolasi oʻzining ota yurtida musofir boʻlib tugʻilar ekanmi? Oʻjarlikni, jahlni jilovlay olmadi. Aql ojizlik qildi oʻshanda.

Rahmatulloh taqdiridan nolimas edi, nolish gunoh ekanini bilardi. Ayni choqda hayotidan koʻngli toʻlmas edi. Otasi ham savdo vajhidan, ham Ollohning farzini bajarayin, deb yoʻlga chiqqan, shu niyatda xotinini ham yoniga olgan edi. Yoʻl azobimi yo Makkai mukarramadagi ob-havo ta’sir etdimi — Rahmatullohning onasi betoblanib qoldi. Bir tomonda betoblik, bir tomonda oy-kuni yaqinlashayotganidan darak beruvchi yuzdagi dogʻlarning quyuqlashuvi ortga qaytish masalasini muammo qilib qoʻydi. Otasi bu yerda orttirgan birodarlari — Makkada muqim turib qolgan oʻzbeklar maslahati bilan xotinini tashlab ketishga majbur boʻldi. Rahmatulloh otasi ketgach, bir oydan soʻng tugʻildi. Unga Rahmatulloh ibn Inoyatulloh Andijoniy deb ism berishdi. Shu ism bilan ulgʻaydi, kamol topdi. Ammo ota diydorini koʻrmadi. U shunisidan dogʻda edi. Onasi Andijon tomonlardan keluvchi savdogarlardan erini soʻroqlab, «Eson-omon yuribdi» degan javobni olardi. Bir necha marta yurtiga otlandi, biroq, turli sabablar bilan bora olmadi. Rahmatulloh madrasani hatm qilgach, mudarris uni xush koʻrib, yelkasiga kuyovlik sarposini yopdi. Ana shundan keyin onaning koʻngli bir oz taskin topib, andijonlik savdogarlarga qoʻshilib yurtiga borib kelmoqni ixtiyor etdi. Rahmatulloh onasini yolgʻiz yubora olmas edi. Ham bu sabab boʻlib, ham qon ota yurtiga tortib, ham otani bir koʻrish istagi ustun kelib — barchasi taqdir yozugʻida mujassam boʻldi-yu, tugʻilgan muqaddas shahrini oʻz nazarida bir oz muddatga tark etdi. Tark etish u oʻylaganicha bir oz muddatga emas, balki (buni yana Olloh biladi!) umrbodga ekan. Ota yurtga keldi ham, otani, oʻgay ukalarini koʻrdi ham. Biroq, zamon algʻov-dalgʻov boʻlib iziga qayta olmadi. Ahli moʻ‘minga va’z aytib yurib edi. Chustdagi birodarinikida mehmon boʻlib turganida hibsga olishdi. Bir necha kun Namangan turmasida ushlashdi, soʻng Toshkentga olib ketishdi. Qoʻrboshilardan birontasining xizmatini qilmagan boʻlsa ham, «Bosmachilar bilan qanday aloqangiz bor edi», deb qaytagʻayta soʻrayverishdi. Qiyin-qistovga olmay shunchaki soʻrab-soʻrab qoʻyishlaridan angladiki, qoʻrboshilarga aloqasi yoʻqligi bularning oʻziga-da ma’lum. Faqat nimaningdir ilinjida uni sarson qilishar edi. Oʻsha «nimadir» koʻp oʻtmay aniq boʻldi: unga bir necha sahifa qogʻoz berishdi. «Ertalabgacha muhlat: Xudo yoʻq, deb yozasan. Makkada hech qanday muqaddas tosh yoʻq, hammasi Muhammad degan savdogarning uydirmasi, Qur’on osmondan tushmagan, oʻsha savdogar toʻqib yozgan, deysan. Shularni yozsang — ozod boʻlasan. Yozmasang — suyaklaring qamoqda chiriydi...».

Rahmatulloh bu buyruqni eshitib, oʻz quloqlariga ishonmadi. Ollohning sherigi bor yoki Iso masih Ollohning oʻgʻli, deb yozishni talab etishsa balki bunchalik hayratga tushmas edi. Qon-qoniga singib ketgan haqiqatni rad etish, yozish u yoqda tursin, xayolga keltirishning oʻziyoq u uchun benihoya dahshatli hol edi. Ular aytganni qilsa balki chindan ham chiqarib yuborishar. Yana yigirma yilmi, oʻttiz yilmi yashar. Ammo qiyomatda oʻzini Ollohga shirk keltirganlar, Rasulillohga qarshi qilich koʻtarganlar yoki oʻz onasini zino qilganlar qatorida koʻradimi?! Shu fikrning oʻziyoq vujudini muz holiga keltirib, uni bir necha nafas murdaga aylantirib qoʻydi. U buyruqqa itoat etaymi yo yoʻqmi, deb fikrlab ham koʻrmadi. Chunki shunday fikrning oʻziyoq imonini darz ketkazib qoʻyar edi.

Buyruqqa itoat etmagach, bu daxriy soʻzlarni ularning oʻzlari yozib berishdi. Imzo cheksa bas — ozodlikka chiqadi. U koʻzlarini chirt yumib, Ollohga munojot etdi: «Ey Olloh, shunga imzo chekadigan qoʻlimni bu imonsizlarning oʻzlari qayirib sindira qolishsa, shu xatni oʻqigan koʻzlarimga qum sepib koʻr qilishsa yaxshi boʻlmasmidi! Olloh, hozir koʻzimni ochganimda hech narsani koʻrmayin, qoʻllarimni shol qilib qoʻygin, aqlimni ham olgin...» Yolborishlari zoe ketdi. Ammo Yaratgan unga madad berdi — aqlini olmadi, shaytonga qul qilib qoʻymadi.

Uni ota yurtdan yanada uzoqroq sovuq oʻlkalarga joʻnatishdi. Kindik qoni issiq tuproqqa toʻkilgan edi, joni sovuq oʻlkada chiqarmikin?..

U shaytonga qul boʻlmaganidan xursand edi. Qiyinchiliklarga uchraganida mana shu quvonch unga dalda berardi. Biroq Ollohning bu sodda bandasi bir narsani bilmas edi: imzo chekmagan kunning indiniga gazetda Rahmatulloh Inoyatulloh oʻgʻlining Xudodan yuz oʻgirgani haqidagi maqolasi chop etildi. Oradan oʻn besh kun oʻtgach, uning «mutaassib ruhoniylar» tomonidan oʻldirilgani haqida kichkina xabar chiqdi...

Soqchi barak eshigini ochib, Komissarni chaqirdi. Komissar bu chaqiruvdan ajablanib, erinibgina oʻrnidan turdi. Hammalari «Bugun koʻp yoʻqlab qolishdimi?» degan savol nazari bilan unga qarashdi. Komissar bu qarashlarni sezmagandek, indamay eshik tomon yurdi.

Mirhosil Rahmatullohga yaqinroq surilib, faqat hamsuhbati eshita oladigan past ovozda soʻradi:
— Hali nima uchun «Ehtiyot boʻl», deb ketdingiz?
— Hech nimani sezmayapsizmi? — Rahmatulloh shunday deb Komissarning boʻsh oʻrniga qarab qoʻydi.
— Unga ishonmayapsizmi?
— Iymonsiz bandaga ishonish mumkinmi?
— Sotadi, deysizmi?
— Maqsadi menga qorongʻu.
— Nimaga pichirlashib qoldilaring?!

Ikkalasi baravar ovoz bergan odamga qarashdi. Ular qamoqxonada «Ayiq» degan laqab olgan, kelbati chindan ham ayiqni eslatuvchi, fe’li esa quturgan itnikidek boʻlgan bu badaxloq odamni shu tomonga kelayotganini koʻrishgan, ammo nariga oʻtib ketar, deb oʻylashgan edi. Chunki «Ayiq»ning shu paytgacha ular bilan ishi boʻlmagan edi.

«Ayiq» ularga zaharli nigohini qadab turardi:
— Meni igʻvo qilyapsanlarmi?

Ular javob berishga ulgurishmadi. «Ayiq»ning uzun qoʻli choʻzilib, Mirhosilning yoqasidan oldi. Rahmatulloh hay-haylab turgunicha Mirhosil bir-ikki musht yedi. Rahmatulloh «Ayiq»ning chayir qoʻllariga yopishdi. Lekin birodarini ajrata olmadi. «Ayiq» soʻkindi-da, tizzasi bilan uni turtib yubordi. Rahmatulloh tisarilib yiqildi, chekkasini soʻri qirrasiga urib olib, bir necha nafas hushini yoʻqotdi. Oʻziga kelganida «Ayiq» vazifasini ado etib boʻlib, joyiga qarab qaytib borardi. Mirhosil esa yorilgan labidan oqayotgan qonni artish bilan mashgʻul edi.

5

Komissar qaytganida Mirhosilning labidan oqayotgan qon toʻxtagan, Rahmatulloh ham hushiga kelib, joyida oʻtirgan edi. «Ayiq» hunarini koʻrsatayotgan damda Qizil komandir tirsagiga suyanib qaddini koʻtarganicha qoldi — joyiga choʻzilishga shoshilmadi. Uni hozir tan azobi emas, nochorlik azobi qiynoqqa olardi. Haqsizlikni koʻrganida chiday olmaydigan Qizil komandir birodarlariga yordam bera olmaganidan ezilardi. «Haqiqat egiladi, bukiladi, biroq sinmaydi», deb qattiq ishongan bu odam, Yer yuzida adolat oʻrnatish qasdida koʻpga qoʻshilib qilich yalangʻochlagan sururli bu kimsa yuragida titrab turgan soʻnggi umid iplari shart uzildi. Umidsiz yurak egasi, garchi nafas olib tursa-da, murdadan farq qilmay qolgan edi.

Komissar joyiga qaytganida manzara shunday edi. Undan birov «Yana nima uchun chaqirishibdi?» deb soʻramadi. U ham «Nima gap, tinchlikmi?» demadi. Notekis taxtalardan ishlangan karavotda xuddi omonat gapni aytib iziga qaytadigan odamday oyoqlarini osiltirib oʻtirdi.
— Bugundan boʻlak qulay vaziyat boʻlmaydi, — dedi u oʻziga oʻzi gapirganday. — Uchinchi minorada oʻzimizning hamshahar yigit soqchilik qiladi. Uning otasi boshiga ham bizning qora kunimiz tushgan. Buni boshliqlari bilishmaydi. «To bilib qolishguncha yordam qilay, otam tushgan joyda ham zora menga oʻxshagani topilsa», deydi.

Rahmatulloh gaplarini eshitgisi kelmay, unga orqasini qilib, oʻgirilib yotdi. Qizil komandir ham boshini yostiqqa qoʻydi. Mirhosil barakdan tashqariga chiqib yomgʻir suvida yuz-qoʻlini yuvib qaytganda Komissar ham joyiga yotib olgan edi. Uchchovining koʻzlari yumuq: xuddi uxlayotganday, bir tekisda nafas olib yotishardi. Mirhosil ularning oʻrtasidagi boʻsh joyga chiqib chordona qurib oldi. «Uchchovi — uch olam. Qaysi biriga ishonishni bilmaysan, — deb oʻyladi u.— Domla «Olloh koʻrsatgan yoʻldan chiqma», deydi. Oʻzi shunga amal qiladi. Men ham Xudoga qarshi biron nojoʻya ish qilmadim. Odam oʻldirmadim. Oʻgʻirlik qilmadim, halol yashadim. Bolalarni oʻqitdim. Vatanni sevishni, ozodlikni qadrlashni oʻrgatmoqchi boʻldim. Ustoz tuzumni hazm qila olmadilar. Menga ham yoqmadi bu tuzum. Ammo murosa qildim. Biz-ku, shu tuzumga gʻanim ekanmiz. Shu tuzumning egalari nima qilib yurishibdi bu yerda? Bizday odamlarning qanchasini u dunyoga joʻnatishdi. Qanchasini bu yoqlarga surgun qilishdi. Oxir-oqibat bizga hamtovoq boʻlishdi. Ozodlikda yurishganida biz bilan bir dasturxon atrofida oʻtirishga or qilishar edi. Bizdan nafratlanishardi. Koʻrgiligimiz bir ekan-ku? Endi birga qochmoqchimizmi? Qayoqqa qochamiz? Yana oʻsha buzuq yurtgami?

U yerda bizga kimning koʻzi uchib turibdi? Xudoning qargʻishi tekkan bu joylardan qochib xorijga oʻtib ketishning nahot imkoni boʻlsa?» Mirhosil bu savolni oʻziga-oʻzi yuz bora bergan boʻlsa, yuz bora, ming bora bergan boʻlsa, ming bora javobsiz qoldirar, javob topa olmas edi. Rahmatulloh «Qiyomat kuni qachon?» degan savolga javob berolmaganidek, Mirhosil ham bu muammoni yecha olmas edi. «Tavakkal qilmoqdan oʻzga chora yoʻq!» — shu toʻxtamdan nariga oʻta olmasdi.

Qizil komandir koʻzlarini ochib, chordona qurib oʻtirgan Mirhosilga qarab yotdi. «Bu bola faqirga qiyin boʻldi. Hali goʻshanga koʻrmay turib boshini ne azoblarga tutib berdi. Ustozi-ku, nodon ekan. Nima edi?.. — Qizil komandir Mirhosildan eshitgan satrni eslamoqchi boʻldi: — Ha.. «Ey, har turli qulliklarni singdirmagan hur oʻlka, nega sening boʻgʻizingni boʻgʻib turar koʻlanka?..» Esi butun boʻlsa, shunaqa deb yozadimi? Boʻlganda, shunaqa yoshlarga jabr boʻldi. Shoir-ku, oʻzi pishirgan oshni oʻzi ichibdi. Bu bolalarda nima gunoh edi? Ayni goʻshangada ayshini suradigan paytda-ya... Men bu yoshda adolat deb ot surib yurdim. Adolat faqat shu jamiyatda qadr topishi mumkin edi. Bular nima uchun ishonishmadi? Biz tushunmovchilik qurboni boʻldik. Buzuq fikrlilar roʻyxatiga nooʻrin tushdik. Endi birga qochmoqchimiz. Domlaning maqsadi tayin. Bu yerdan qutulsa, xorijga qochadi. Lekin bu yerdan ketgisi yoʻq. Shunisi ajablanarli. Nima uchun qochib qutulishiga ishonmayapti? Komissarni oilasi kutib turibdi. Mirhosilning sevgilisi bor. Nima edi?.. «Men suygan suyukli shunchalar goʻzal. Oydan-da goʻzaldir, kundan-da goʻzal!..» Meni kim kutyapti? Oʻlsam kim aza ochadi?..»

Qizil komandirning xayolidagi bu savolga kimdir «Seni kim kutardi, Azroil kutyapti», deb shivirlaganday boʻldi. Vujudini muz xarsangi bosib oʻtganday, a’zoyi badani seskandi. «Bu ham toʻgʻri, — deb taqdirga tan berdi u, — bu yerdan qochganim bilan uzoqqa yetmayman. Har holda qamoqda, sassiq barakda xunuk basharalar orasida oʻlgandan koʻra, erkinlikda oʻlganim durust-ku? Jonim kechqurun uzilsa, yulduzlarni koʻrib qolarman. Kunduzi oʻlsam, balki quyoshni koʻrarman. Osmonni bulut bossa hech boʻlmasa oʻsha bulutni, daraxt shoxini, bittagina giyohni koʻrib qolaman-ku? Balki yuzimga bittagina pokiza yomgʻir tomchisi tushar? Soʻnggi nafasim chiqayotganda balki tabiatning oʻzi labimga suv tomizar? Ollohning menga koʻrsatgan marhamati balki shu boʻlar? Olloh gunohlarimni kechirib, meni shu martabaga loyiq koʻrar? Domla biz bilan qochsa yaxshi boʻlardi. Oʻlsam, janozamni oʻqirdi. Uch kunlik chaqaloqligimda qulogʻimni azon aytib ochishgan ekan. Janozasiz ketsam durust boʻlmas. Men halol yashadim. Xudo gunohlarimni kechiradi. Men Xudodan emas, nodon dindorlardan yuz oʻgirganman. Xudodan yuz oʻgirganlar qancha? Yurishibdi hammalari davru davronlarini surib. Men ularday munofiq emasman. Lekin domla meni aynan oʻsha munofiqlar qatorida koʻradi. Unga haqiqatni tushuntira olmadim. Tushuntirolsam, insofga kelarmidi...

Xayolidan shu gaplar oʻtgan Qizil komandir Mirhosilning yelkasidan ushlab, oʻziga qaratdi:
— Domlaga ayting, oʻjarlik qilmasinlar, — dedi muloyim ovozda.

Mirhosil unga javob berishga ulgurmadi, gapga Komissar aralashdi:
— Aytmang, zoʻrlamang.
— Domla menga keraklar, — dedi Qizil komandir oʻjarlik bilan.
— Nimaga?
— Yoʻlda oʻlguday boʻlsam, janozamni bu kishidan boshqa kim oʻqiydi?
— Bunaqa bema’ni xayolga bormang. Siz komandirsiz, axir! Men sizni yolgʻizlatib qoʻymayman. Komissarligimni unutganim yoʻq. Qancha yursak, sizni oʻzim suyab yuraman.

Qizil komandir bir oz jim qoldi. Komissar va’da bergani bilan koʻngli tinchimadi. Komissar mehribon odam, chindan ham suyab yuradi. Ammo oʻlimga duch kelsa, u ham nochor... Azroilning changalidan saqlab qola olmaydi.
— Domla, — dedi Qizil komandir xayollaridan chekinib. Rahmatulloh indamadi. — Domla, uygʻoqsiz, bilib yotibman. Agar sizga malol kelmasa, janozamni hozir oʻqing. Issiq jon, bilib boʻlmaydi.

Rahmatulloh javob bermadi, hatto qimirlab ham qoʻymadi. Unga javob berish yangi bahs darvozasini ochish bilan teng edi. Shu bois sukutni afzal bildi.

6

Qizil komandirning «Janoza oʻqib qoʻying», deyishi Rahmatulloh koʻngliga bir jihatdan taskin berdi. «Har holda iymonini butunlay sovurib yubormagan ekan, dilida Olloh bor ekan», deb qoʻydi. Ammo uning iltimosini yerda qoldirishga majbur edi. Moʻljallanayotgan qochish Olloh yoʻlida jihod uchun boʻlsa ekan, bularga shahidlik martabasi nasib etsa ekan, oldindan janozalari oʻqib qoʻyilsa... «U Fir’avnning qismatini boʻyniga olib yotibdi, — deb oʻyladi Rahmatulloh, — shu dard jonimni oladi, degan fikr xayolini egallagan. gʻofil banda! Erta-indin oʻla qolishini qayoqdan bilibdi? Dard bergan Olloh shifosini ham beradi-ku?..»

Rahmatulloh turli xayollarga bandi boʻlib uzoq yotdi. Mahbuslarning u yoqdan-bu yoqqa yurishlari tindi. Qoʻngʻir-qoʻngʻir ovozlar ham eshitilmay qoldi. Buning oʻrnini turli ohanglardagi xurrak, alahsirashlar egalladi. Tun yarimlaganda Rahmatullohning koʻzi ilindi. Oʻn daqiqagina davom etgan uyqusida gʻalati tush koʻrdi. Tushida mudarrisi — qaynotasi uch boʻlak oq surpni unga uzatyapti. «Bittasi senga, qolgani sheriklaringga», dermish. «Menam bular bilan ketayinmi? Unda toʻrt kishi boʻlamiz», dermish Rahmatulloh. «Bittangga lozim emas». U shunday deb shoxdor bugʻuga aylanib qolganmish. Soʻng Rahmatulloh unga minib olganmish. Bugʻu yeldek uchib, uni toʻgʻri Ka’batullohga olib borganmish... «Xayriyat, bomdodga yetib keldik», dermish Rahmatulloh.

Keyin muazzinning ovozi eshitilibdi: «Ollohu akbar!» Rahmatulloh Makkai mukarramada ekanida ba’zan shu azon tovushini eshitib uygʻonardi. Subhi sodiqda yangragan azon ovozi uning ruhiga madad berar, yaxshi bir kayfiyatda boshini yostiqdan koʻtarardi. Hozir ham qush uyqusidan shu holda uygʻondi. Qulogʻiga azon tovushi boshqa eshitilmadi. Oʻzini Ka’batullohda emas, yana sassiq barakda koʻrib, yuragi ezildi. Komissarning «Boʻlaqolinglar», degan ovozini eshitdi. Qizil komandir bir ingrab, oʻrnidan turdi.
— Taqsir bilan xayrlashaylik, — deb pichirladi Mirhosil.
— UyQotmang, bilmagani ma’qul. Sotib qoʻyishi mumkin.

Shivirlab aytilgan gap qilichga aylanib, Rahmatullohning tanasini qiymalab tashlaganday boʻldi. Xoinlik koʻchasidan oʻtish mumkinligini xatto xayol qilmagan odam uchun bunday gumon eng yomon haqoratdan ham battar edi. Komissarga esa aynan shu kerak edi. Soʻnggi yoʻqlovda u «Qanday boʻlmasin Mullani olib chiqasan», degan qat’iy topshiriq olgan, oʻylay-oʻylay Rahmatullohning jigʻiga tegishni reja qilgan edi. Rejasi amal berdi — Rahmatulloh oʻrnidan turib ularga ergashdi. «Shularga qoʻshilib jon berish yozugʻimda boʻlsa, na chora», deb oʻyladi.

7

Boshliq qorongʻu xonada, deraza oldida yordamchisi bilan turardi. Toʻqqizinchi barak eshigi ochilib, hovlida odam qorasi koʻringach, mamnun jilmayib koʻydi.
— Umrimdagi eng maroqli ov shu bugun boʻladi, — dedi-da, sharpalarga sinchiklab tikildi: — Kimni suyab yurishibdi, sudralayotgan kim?
— Kecha sizdan adolat talab qilib kelgan odam.
— Ikkita tepkili holi bor ekanmi? Shu ahvolda komandirlik qilgan ekanmi, e onasini... — Boshliq soʻkinib, yoniga tupurdi. — Nima qilardi sudrab, oʻlsa shu yerda ham oʻlaverardi.
— Sir ochilib qolmasin, deb qoʻrqdi.
— Ha, boʻpti. Bulari — senga. Mulla — menga.
— Bular deganingiz... Komissar hammi?
— Umi?.. Buguncha tegmay qoʻya qol unga. Yana kerak boʻlib qolar. Uni keyinroqqa olib qoʻyasan. Oʻziga oʻxshagan uch-toʻrtta maymunbasharani toʻplaysan. Xuddi maymun ovlagandek boʻlamiz. Taygada maymun ovi! Zoʻr boʻladi, a?
— Zoʻr narsalarni oʻylab topasiz-a, — deb Yordamchi unga xushomad qilib qoʻydi.

Qizishib olmoq uchun istakonlarni toʻldirib aroq sipqorishdi. Yordamchi labini kafti bilan artib, tashqariga chiqdi. Dam oʻtmay soqchilar oʻq uzib «Qochdi! Qochdi!» deb baqirib qolishdi. Shundan soʻng Boshliq xuddi katta ishni qoyil qilib qoʻyganday Gʻoz yurish bilan xonasidan chiqdi.

Hovliga tushgan zahoti soqchiboshi yugurib kelib, hisob berdi:
— Mahbuslar qochgani aniqlandi.
— Koʻzlaring qayoqda edi, soqchilaring gʻaflat bosib uxlab qolibdimi? — deb baqirdi Boshliq. — Nechta ekan qochgani?
— Toʻrtta.
— Qaysi barakdan?
— Aniqlayapmiz. Soqchilar izdan quvishga shay.
— Sen shu yerda qol. Oʻzim boraman izlaridan.

Shu payt tikanli simtoʻr ortidan bugʻuning oʻkirigʻi eshitilib, hamma hushyor tortdi.

Boshliq qochoqlarni quvishga shoshilmayotgan edi. Ayniqsa, bugʻuning oʻkirigʻidan soʻng koʻnglida «Men chiqmay qoʻya qolsam-chi?» degan fikr ham paydo boʻldi. Bu fikrning umri qisqa edi. «Mish-mishlarga ishonuvchi qoʻrqoq odamga aylanyapmanmi?» degan ikkinchi fikr birinchisini boʻgʻib oʻldirdi. Boshliq oyoqlarini kerib, qoʻllarini orqasiga qilgan holda bir oz turdi. Keyin papiros tutatdi. U bunday turishni sobiq komandiriga taqlid qilib oʻrgangan edi. Garchi hozir oq zobitlarni koʻrarga koʻzi boʻlmasa-da, oʻzi sezmagan holda ularning koʻp odatlarini oʻziga singdirgan edi. Xususan, mana shu turishi, ikki gapning birida «onang-ni», deb soʻkinib qoʻyishi, soʻkina turib tupurishi zobitlardan unga meros boʻlib oʻtgan. Turkiston oʻlkasiga ilk marta kelganida, hali yigit chogʻida unda bunday odatlar yoʻq edi. Dalada qoʻsh haydab yurgan yigit bu issiq oʻlkalarga kelib odam oʻldirarman, deb oʻylamagan ham edi. Dastlab qoʻzgʻolonchilarni otishda qoʻllari qaltirab tepkini bosa olmagan edi. Bir u emas, yonidagilar ham shu holga tushishgandi. Oʻsha manzarani u tez-tez eslaydi. «Shunaqangi galvars ekanmana», deb oʻzidan-oʻzi kuladi. Oʻshanda yigirmaga yaqin qoʻzgʻolonchi otishga hukm boʻlgan edi. Ular jar boʻyida, otuvchilarga orqa oʻgirib turishardi. «Otilsin» degan buyruq yangrashi hamon boshlarini burib qarashardi.

Ularning ma’yus koʻzlarini koʻrgan askarlar miltiq tepkisini bosa olishmas edi. Ana oʻshanda otda oʻtirgan zobit shart qilichini yalangʻochlab qoʻzgʻolonchilarga yaqinlashgan, ularning kallasini bir-bir uzib tashlagan edi. Askarlar mashq paytida xodachalarga yopishtirilgan loy kallalarni shunday uzishardi. Zobit soʻnggi kallani uzgach, moʻylovini buragan, askarlarni avval soʻkib, soʻng bunga qanoat qilmay, qamchilab xumordan chiqqan edi. Oradan yillar oʻtib, Boshliqning diydasi qotdi, qoʻli qaltiramaydigan boʻldi. Uning qilichi ham talay kallalarni bearmon uzdi. Chopon kiyib, salla oʻraganlarni koʻrganda qoʻli qilich dastasiga boradigan boʻlib qolgan edi. Tong otishi bilan boshlanajak ov oʻsha oʻrgangan koʻngilning oʻrtanishi tufayli edi. Uning koʻngli qanchalik oʻrtanmasin, shoshilmadi. Chunki qochoqlarning borar joylari tayin — Komissar belgilangan aniq yoʻl boʻyicha boshlaydi ularni. Oʻrmonzorga chiqib, duch kelgan tarafga qochishsa, boshqa gap edi. Buning ustiga, chalajon odamni sudrab yurishlari qiyin. Sal nari ketishsin. Yugurib, sudralib, loyga belanib holdan toyishsin. Aft-basharalarini butalar tirnab azob bersin. Ana undan keyin ovni boshlasa boʻladi — Boshliqning rejasi shunday edi.

8

«Nahot sezdirmay oʻtdik?! Nahot, qochib qutulish nasib etgan boʻlsa?!» Simtikondan uzoqlashishgani sayin ularni umid hissi tobora chulgʻab borar edi. Hatto Rahmatullohda ilinj uygʻona boshlagandi.

Dastlab tez-tez yurishdi. Qizil komandirga ham quvvat kirganday boʻldi.Oʻlimni emas, ozodlikni oʻylab, qadamini ildam tashlashga harakat qildi. Badanidagi ogʻriqlarning toʻxtaganiga oʻzi ham ajablandi.

Qamoqxona tomonda miltiqlardan oʻq uzildi. «Sezib qolishdi», deb oʻylashdi baravariga. Oʻq ovozlari ularni yanada tez yurishga majbur etdi. Oyoqlari koʻlmaklarga tushib, sirgʻanib yiqilishsa ham, tizzalarigacha jiqqa hoʻl boʻlsa ham, ildam yurishdi. Bir zamon bugʻuning oʻkirigʻi eshitildiyu oʻq ovozlari butunlay tindi.

Bugʻuning oʻkirigʻini eshitishi bilan Rahmatulloh toʻxtadi. Oʻsha zahoti uning quloqlari ostida muazzinning tanish ovozi yangradi. «Bu ne sinoat boʻldi?» deb oʻyladi Rahmatulloh.
— Domla, toʻxtamang, — dedi Komissar.

Chindan ham toʻxtab, oʻy suradigan vaziyat emas edi. Tong boʻzara boshlaganida ular qamoqxonadan oʻn besh-yigirma chaqirim uzoqlashdik, deb moʻljal qilishdi. Bunchalik koʻp uzoqlashishmaganini, balki yoʻl ilonizi qilib olingani uchun shunday tuyulganini faqat Komissar bilardi. Tongda moʻljaldagi manzilga yetib kelishgach, dam olishga ruxsat berdi.

Yomgʻir suvini boʻkib ichib, xamirdek koʻpchib qolgan yerga choʻzilishdi. Tez yurib badanlari qizib ketganidan, holdan toyganlaridan, yerning zaxini sezmadilar. Yer bir necha daqiqa yumshoq koʻrpadek tuyulib, rohatlandilar. Badanlari sovugach, zax oʻz kuchini koʻrsata boshladi. Eng avvalo, Qizil komandir tepki azoblarini yana his qildi. Bir necha soat xoli qoʻygan bu azob endi haqini undirishga qasd qilganday zabtiga oldi. Suyaklari zirqirab, joni halqumiga kelib qolganday boʻldi.

Komissar qaddini koʻtarib, daraxtga suyanib oʻtirdi. «Vazifam bitdi hisob, — deb oʻyladi u. — Hozir kelib qolishadi. Komandir azoblaridan biratoʻla qutuladi. Mana bular bir-birlarining safsatalarini eshitishdan qutuladilar». Komissar ularga achinganday boʻlib, bir-bir qarab chiqdi. Rahmatulloh uning xavotir zuhur boʻlgan nigohini ilgʻadi. «Nimaga oʻtirib oldi, nimaga shoshirmayapti?» deb oʻyladi. Mirhosilda bunday sinchkovlik yoʻq, u oʻzini tamoman ozod his qilib, sururli bulutlar ustida suzmoqda edi. Komissar bir necha oy hamtovoq boʻlgan yurtdoshlarining oʻlim bilan olishuvlari boshlanishini bilardi. U faqat oʻz qismatinigina bilmas edi. «Bularning nima boʻlishlari tayin, — deb oʻyladi u. — Men-chi? Daydi oʻq oʻlimga yaqin turgan Komandirga emas, menga tegsa-chi?» Shu fikr xayoliga kelib seskandi. «Boshliq ov tugagandan soʻng qaytasan, devdi. Nima uchun ov tugashini kutishim kerak? Tayinlagan manzili shu yer. Men topshirigʻini uddaladim. Bularni chalgʻitib izimga qaytaman endi. Boshliq oʻshqirsa, «Gapingizni yaxshi anglamabman», derman. Tepsa, bir-ikki tepar. Ursa, bir-ikki urar. Oʻqdan koʻra musht yegan ma’qulroq». Shu qarorga kelib, u oʻrnidan turdi.
— Jilamizmi? — dedi Rahmatulloh ham oʻrnidan turib.
— Yoʻq-yoʻq, — dedi Komissar choʻchib. — Sizlar oʻtira turinglar. Men yoʻlni qarab kelay.
— Men birga boray. Yoki Mirhosil borsin. Yolgʻiz yurmaganingiz ma’qul.
— Xavotirlanmang, domla, tezda qaytaman.

Komissar shunday deb atrofga alanglab, yoʻlni moʻljal qilgan boʻlib, soʻng ohista yurib ketdi. Rahmatulloh tik turgan holida uning izlarini nigohi bilan ta’qib etdi. Azobning temir barmoqlari orasida ezilayotgan Qizil komandir uning ketganiga e’tibor bermadi.
— «Yabna Odama! Iza lam tasdahii minni fa’mal ma shi’ta ya miskinu...»

Rahmatullohning pichirlab aytgan gaplari Mirhosilning shirin xayollarini toʻzitdi.
— Taqsir, bir nima dedingizmi?
— Komissar ketdi.
— Ha, yoʻlni qarab keladi.
— Komissar ketdi,— deb yana qaytardi Rahmatulloh.

Mirhosil ajablanib, oʻrnidan turdi.
— Taqsir, unga hali ham ishonmayapsizmi?
— Men har qancha yaxshi gumonda boʻlmayin, u ketdi. Harakatimizni qilaylik.
— Shoshilmang, shubhangiz nooʻrin.

Shu payt yana oʻq ovozlari eshitildi. Dam oʻtmay bugʻuning oʻkirigʻi yangradi.
— Qayoqqa boramiz? — dedi Mirhosil xavotir ingan kipriklarini pirpiratib.

Rahmatulloh Qizil komandirga qaradi. U koʻzlarini chirt yumib olgan, bularning tashvishiga sherik boʻla olmas edi. Rahmatulloh engashib, uning peshonasiga kaftini qoʻydi.
— Oʻlyapti, boyaqish, — dedi Mirhosilga qarab.

Yana miltiq otildi. Mirhosil oʻq ovozlari qay tarafdan kelayotganini bilolmay alangladi. Toʻsatdan bosh koʻtargan qoʻrquv uni telba holiga tushirayotgan edi.

Qizil komandir ogʻriqqa dosh berolmay baqirib yubordi. Bu nogoh qichqiriqdan ikkovi ham choʻchib tushdi.
— Astagʻfirulloh! — dedi Qizil komandir bu safar pastroq ovozda. Soʻng kalima qaytardi.
— Taqsir? — Mirhosil «Eshitdingizmi?» deganday hamrohiga qaradi. Rahmatulloh eshitdi, ammo Mirhosil kabi ajablanmadi. Chunki «Ey odam farzandi, qachon balo va musibatga yoʻliqsang, meni yodga olasan. Lekin qachon u baloni sendan koʻtarsam, meni hech tanimas kishidek esdan chiqarib yuborasan», degan kalomning hayotdagi tasdigʻini koʻp koʻrgan edi.
— Fir’avnni bekor eslamagan ekan, — dedi Rahmatulloh.

9

Komissar sheriklaridan chamasi uch yuz qadam uzoqlashgach, doira yasab, orqaga qayta boshladi. Qamoqxona shu tomonda boʻlsa-da, sezib qolishmasin, deb atayin qaramagʻarshi yoʻlni tanlagan edi. Bilishga-ku, baribir bilishadi, qargʻashadi, la’nat oʻqishadi. Lekin bu paytda ularning hayoti qil koʻprik ustida, Komissarniki esa omonlikda boʻladi. Ularning qargʻishlari, la’natlari yomgʻir tomchisi kabi yerga singib ketadi. Komissar shunday boʻlishiga ishonardi.

U butalarni shitirlatmay yurishga harakat qildi. Endi shoshilmas, koʻlmaklarni chetlab oʻtar, dam-badam toʻxtab, atrofga quloq tutar edi. Sheriklaridan ancha uzoqlashib, moʻljaldagi yoʻlga tushib olgach, oʻq ovozlarini eshitib yana toʻxtadi. Oʻq ovozining qay tomondan kelayotganini chamalayotganida bugʻuning oʻkirigʻi eshitilib, oʻzi kutmagan holda yuragiga qoʻrquv oraladi. U oʻq otilayotgan yerni aylanib oʻtish uchun ovoz kelayotgan tomonni aniqlamoqchi edi. Bugʻuning oʻkirigʻi uning rejasini parokanda qilayozdi. U oʻrmonzorda oʻq oʻtmas bugʻu borligini, bugʻu qandaydir ilohiy kuchga ega ekanini eshitgan, endi ham oʻq otayotganlarni, ham bugʻuni chetlab oʻtishga majbur edi.

Nima uchun qoʻrqib ketganini oʻzi ham bilmadi. Avvaliga qoʻrquvni oʻtkinchi deb oʻyladi. Yoʻq, qoʻrquv uni tark etmadi. Yuragi qinidan chiqquday boʻlib, tez-tez ura boshladi. Qandaydir kuch uni orqaga, sheriklari yoniga undadi. «Qayt, — dedi oʻsha noma’lum kuch, — ularni yanada uzoqroqqa boshla. Balki qutulib ketishar... Axir, sen ham insonsan-ku? Keyin vijdoning qiynalmaydimi?..»

«Vijdon... vijdon... — deb pichirladi Komissarning lablari. — Qani, kimda bor oʻsha vijdon?! Men umrimni tikkan gʻoyamga sodiqman! Bular — dushman! Men tuhmat qurboniman. Ertami-kechmi, menga oʻxshaganlarning dodi oʻrtoq Stalinga yetadi. Bular-chi? Qochishmoqchi boʻlishdi... Nodonlar... Dushman dushmanligini qiladi. Baribir oʻlimga mahkum edi ular. Hukmni men chiqarmadim. Oʻzlariga oʻzlari chiqarishdi. Bular baribir oʻladi. Qamoqda oʻlganidan koʻra ozodlikda oʻlgani yaxshi emasmi?.. Men aybdor emasman. Vijdonim pok. Oqlanib chiqqanimdan keyin ularning uylariga boraman. Ozod holda jon berganlarini aytaman...»

«Oʻlishmasa-chi? Qochib qutulishsa-chi? — dedi oʻsha noma’lum kuch. — Hech boʻlmasa bittasi qochib qutulsachi?..»

Komissar bu savolga darrov javob qaytara olmadi. «Qutulib ketish qiyin», — deb oʻziga oʻzi dalda bermoqchi ham boʻldi. Ammo bu javobda qat’iylik yoʻq edi. U noma’lum kuch bilan bahslashishni bas qilishga oʻzida kuch topdi-da, tavakkal qilib qamoqxonaga olib borishi mumkin boʻlgan eng qisqa yoʻlni tanladi. Bu safar qadamini tezlatdi. Vujudini tark etmayotgan qoʻrquv, tezroq jon saqlash qasdidagi hovliqish uning ziyrakligini mahv etgan edi. U tobora telba odam holiga kirib borardi. Endi koʻziga koʻlmaklar ham, yuzgʻoʻlini tirnovchi butalar ham koʻrinmas edi. Hozir uning panoh topadigan joyi — qamoqxona. Oʻy-xayoli bir — oʻsha yerga tezroq yetib olish... Bir mahal sayoz tuyulgan koʻlmakka oyoq qoʻydi-yu, munkib, yuztuban yiqildi. Avvaliga hech nimani sezmadi. Darrov oʻrnidan turib, yuziga yopishgan loyni yengi bilan sidirib, bir-ikki qadam tashladi-yu, chap oyogʻida uygʻongan ogʻriqqa dosh berolmay baqirib, yana yiqildi. Bu safar tez turmadi. Toʻpigʻi atrofidagi ogʻriq avval boldiriga chiqdi, keyin hamma yogʻi zirqirab ogʻriy boshladi. «Eti uzildi shekilli», deb oʻyladi u. Asta qaddini koʻtardi. Ehtiyotlik bilan qadam bosmoqchi boʻldi. Ogʻriq uni yana yuztuban qulatdi. Bir oz hushini yoʻqotdi, hushiga kelib, sudrala boshladi. «Yaqin qoldi, sudralsam ham bir amallab yetib olaman», deb oʻyladi. Ust-boshi boʻkib ketdi. Miyasi qiziy boshladi. Ogʻriq kuchaya bordi. Bir koʻlmak yonida toʻxtab, yuzini yuvdi. Sal yengil tortganday tuyuldi. Yana sudralmoqchi boʻlganida butaning shitirlaganidan choʻchib, atrofga alangladi: shoxlar orasida miltiq milini koʻrdi.
— Otmanglar, bu menman! — dedi jonholatda. — Komissarman, otmanglar. Topshiriqni bajardim.

Shoxlar ikkiga ayrilib, qamoqxona boshligʻining yordamchisi, keyin bir askar yigit chiqib kelishdi.
— Ha, Komissar, bu yerda nima qilib yotibsan? — dedi u miltiqni yelkasiga osar ekan.
— Oyogʻim qayrilib ketdi, yurolmay qoldim.
— Boshqalar qani?
— Oʻsha yerda. Boshliq aytgan joyda.
— Sen komandiring bilan birga boʻlishing kerak edi?
— Uning ahvoli ogʻirlashdi. Hushsiz yotibdi.
— Boshliq sen bilan Komandirni menga hadya etgan edi. Qaerdan qidirsam ekan, deb boshim qotib turuvdim. Oyoq ostidan sudralib chiqding-a. Maroqlanib ov qilamanmi, devdim. Ishni buzding, sen maraz. Bugun chuvalchang otadigan kunim ekan-da. — Yordamchi miltiqni yana qoʻliga olib, Komissarga qaratdi.
— Otmang, axir topshiriqni bajardim.
— Bajargan boʻlsang, yana yaxshi, — u shunday deb qoʻndoqni yelkaga tirab, Komissarni nishonga oldi. U Boshliqning topshirigʻini buzmoqchi emasdi. Boshliq «Komissar tirik qolsin», dedimi, demak tirik qoladi. Faqat payti kelganida uni bir oʻynatib, tomosha qilsa chakki boʻlmas. Yordamchi tipirchilab yolborayotgan Komissardan bir qadam naridagi daraxtni moʻl tepkini bosdi. Oʻq ovozi daraxtlarning yalangʻoch tanasiga urilib aks-sado berdi. Komissar jonholatda bir sakradiyu, yerga qapishganicha qimirlamay qoldi. Uning bu qiligʻini koʻrgan askar yigit kulib yubordi.
— Tur! Komissar, oʻzingni oʻlganga solma. Senga oʻq tegmadi. Birinchisi xato ketdi.

Komissar boshini koʻtardi. Ammo qaddini rostlamadi.
— Axir, men sizlarning xizmatingizni qilyapman-ku? — dedi u yigʻlamsirab.
— Sen sheriklaringga xoinlik qilding.
— Ular sheriklarim emas, xalq dushmanlari...
— Hammang bir goʻrsan... Ular dushman boʻlsa, sen dushmandan chiqqan xoinsan, ulardan ham battarroqsan. — Yordamchi yana tepkini bosdi. Oʻq Komissarning shundaygina yonidagi yerni titib tashladi.
— Otmang! — U Yordamchi tomon emakladi.
— Orqangga qayt! — deb baqirdi Yordamchi.

Komissar tiz choʻkkan holida unga najot koʻzlari bilan boqib, toshdek qotdi. Yordamchi yana oʻq uzdi. Komissarning qulogʻiga endi oʻqning aks-sadosi emas, balki ayol kishining nolasi urilganday boʻldi.

«Sen bizni yerimizdan haydab chiqaryapsanmi, seni qaro yer ham bagʻriga olishdan hazar qiladi. Jasading bir quloch lahadga zor boʻladi. Murdang qumursqalarga yem boʻladi hali...»

Bu nolani eshitib, Komissarning etlari jimirlashib ketdi. Atrofga telbalarcha alangladi. Ovoz egasini qidirdi. Yordamchi undagi oʻzgarishni sezib, «Nima qilarkin», deb kutdi.

omissar bu ovozni bir marta eshitgan, keyin oʻsha zahotiyoq unutib yuborgan edi. Qorakoʻlchi boyning oilasini koʻchirayotganida uning keksayib qolgan zavjasi shunday nola bilan qargʻagan edi.

Komissar oʻshanda ham, undan oldin ham buyruqni bajargan edi. Dastlab bu xonadonga bostirib kirib, barcha boyliklarni tortib olishdi. Boy ota zarracha qarshilik qilmadi. Faqat bir chekkaga ajratib qoʻyilgan terilarga tegmaslikni soʻradi. «Bularni zakot uchun ajratib qoʻygan edim», deb yalindi. «Zakot bilan Xudoni aldaysiz, xalqni alday olmaysiz», dedi Komissar.

Boy ota indamadi. «Hoy yigit, sen ham, ota-onang ham tuzimdan totgansizlar. Seni odam boʻlar, deb oʻqitib edim, muhtojlarni qoʻlimdan kelganicha suyadim. Haj safariga ketar chogʻimda butun mahalla ahlini yarim yil boqadigan mulk qoldirdim...», demadi. Minnat qilishdan qoʻrqdi. Komissar esa uning shu gaplarini aytishini kutgan, shunga yarasha «Sen bu mulkni xalq qonini soʻrib topgansan», degan javobni tayyorlab qoʻygan edi.

Komissar bir haftadan keyin eshitdi — Boy ota oʻlibdi. Komissar janozaga u yoqda tursin, hol soʻrab ham kirmadi. Onasi koʻp yalindi, kir, deb, yoʻq, kirmadi. Oradan bir necha yil oʻtib, yana kirdi bu xonadonga. Hammasini koʻchirdi...

Oʻshanda shunday nolani eshitgan edi.

«Nahot u jodugarning qargʻishi urgani chin boʻlsa?» deb oʻyladi.

Bir mahal Yordamchi miltigʻini yelkasiga osdi.
— Yarim soat vaqt beraman. Lagerga yetib olsang — yetib olding, boʻlmasa, naq sassiq ogʻzingdan otaman.

Bu gapdan Komissar hushiga kelib, oʻrnidan turmoqchi, yugurib ketmoqchi boʻldi. Lekin chap oyogʻini bosishi bilan jon azobida baqirib, yiqildi. Yordamchi, battar boʻl, dedi-da, choʻntagidan papiros chiqarib, tutatdi. Bir necha nafas harakatsiz yotgan Komissar sudrala boshladi. Bu sudralishda yarim soat emas, yarim kunda ham qamoqxonaga yetib ololmas edi. Buni bilardi, lekin «chiqmagan jondan umid» deganlariday, hozirgina eslagan qargʻishini ham unutib, olgʻa intilardi. U bir oz sudralgach, ustiga shox-shabba tashlangan oʻraga duch keldi. Oʻrani bir necha yil muqaddam ovchilar ayiq tutish uchun qazishgan, qamoqxona qurilgach, bu yerlarga kelmay qoʻyishgan edi. Chirib qolgan shox-shabba Komissarni koʻtara olmadi. Komissar chuqurligi bir yarim odam boʻyi keladigan oʻraga qulab, hushidan ketdi.

10

Kun yorishdi.

Boshliq yoniga avvalgi ovlarda ham birga boʻlgan, sinalgan askarlardan toʻrttasini olib, yoʻlga tushdi. Qamoqxonadan picha uzoqlashishgach, yordamchisiga bitta askarni berib, «Sen oʻngdan yur», dedi. Oʻzi qochoqlar dam olib oʻtirgan joyga tikka yurib chiqmoqchi boʻldi. Yarim soatlar chamasi yoʻl yurgach, roʻparadagi butalar qattiq shitirladi. Boshliq toʻxtab toʻpponchasini qoʻliga oldi-da, yoʻgʻon daraxt panasiga oʻtdi. Uning ishorasi bilan askarlar ham oʻzlarini panaga oldilar. Shitirlash ovozi kuchayib, dam oʻtmay bahaybat shoxli, bahaybat gavdali bugʻu koʻrindi.

«Oʻq oʻtmas bugʻu shumi?» deb oʻyladi Boshliq. Bugʻu toʻxtab, boshini gʻoz tutganicha jim turdi. Boshliq unga qarab koʻzlari choʻgʻdek qipgʻizil ekanini, oʻzidan gʻalati yogʻdu taratayotganini koʻrdi. «Qani, koʻraylikchi, rostdanam oʻq oʻtmas ekanmi?» deb shu koʻzni moʻljalga olib, tepkini bosdi. Oʻq izsiz ketgandek boʻldi — bugʻu qilt etmadi.
— Otinglar! — deb baqirdi Boshliq. — Koʻzini nishonga olinglar, koʻzini!

Askarlar pala-partish oʻq uza boshladilar. Bugʻu «Qani, hunaringni koʻrsatib qol», deganday bir oz jim turdi. Soʻng tumshugʻini osmon sari choʻzib oʻkirdi. Bu oʻkirigʻdan Boshliqning qulogʻi qomatga keldi. Ikki askar miltiqlarini yerga tashlab, orqaga qocha boshladilar. Boshliq toʻpponchasidagi oʻqlarni otib tugatdi. Bugʻu yana choʻzib oʻkirdi. Boshliq shoshilib toʻp-ponchani qayta oʻqladi. Ammo otishga ulgurmadi. Bugʻu boshini xiyol eggan holda unga daf qilganicha yaqinlasha boshladi. Boshliq beixtiyor tisarildi. Bugʻu uni shoxiga ilib, chetga uloqtirib yuborishga qasd qilgan, biroq maqsadini amalga oshirishga shoshilmas edi.

Uchinchi askar ham allaqachon gʻoyib boʻlgan, bugʻuning roʻparasida faqat Boshliq qolgan edi. «Nimaga faqat meni ta’qib qilyapti?» Nima uchun askarlarga parvo qilmadi?» deb oʻyladi Boshliq. Bugʻu uni shunchaki ta’qib qilmas, balki dam oʻng, dam soʻl tomonga oʻtib, oʻzi istagan yoʻldan yurishga majbur etardi. Boshliq bir necha marta yiqilib, balchiqqa belandi, afti, qoʻllarini shox tilib yubordi. Bir necha daqiqada u ham qochoqlar holiga tushdi. Hech kutilmaganda bugʻu keskin sapchidi-da, uni shoxiga ilib oldi. Ikki-uch qadam bosgach, boshini qattiq silkib, tipirchilayotgan Boshliqni itqitib tashladi. Boshliq yumshoq shox-shabba ustiga tushganday boʻldi. Tik qazilgan oʻra ustiga tashlangan shox-shabba uni koʻtara olmadi. Boshliq oʻra tubida hushidan ketdi.

11

— Nima, shunday turaveramizmi? — dedi Mirhosil.
— Qayoqqa yuraylik? — dedi Rahmatulloh. — Yoʻlni Komissar bilardi.
— Taqsir, hozir pichingning oʻrnimi?

Rahmatulloh bu gapni toʻgʻri ma’noda aytgan boʻlsa ham Mirhosil undan ranjidi. Qizil komandir koʻzlarini ochdi. Garangsib turgan sheriklariga qaradi-da, ingroq ovozda:
— Bu yoqqa yurmanglar, — dedi Komissar ketgan tomonni koʻrsatib. — Oʻq ovozi shu yoqdan eshitilyapti. Komissar yo qoʻlga tushdi, yo oʻqqa uchradi. Boʻlmasa, shu paytgacha qaytardi. Domla, men muddaomga yetdim. Endi menda hayotdan umid yoʻq. Erkinlikda topshiraman jonimni. Sizlar menga qaramanglar. Ketaveringlar...

Atrofda sharpa sezilib, uchchovlari ham pusib qolishdi. Bir ozdan soʻng avval qamoqxona boshligʻining yordamchisi, soʻng esa askar yigit koʻrindi. Ularning ust-boshlari loyga belanmagan, yuzlarida esa charchoq sezilmas edi. Yordamchi Boshliqning bu yerga yetib kelmaganidan avvaliga ajablandi. Soʻng oʻq ovozlari, bugʻuning oʻkirigʻini eslab «Bugʻu ovlashga kirishib ketgan shekilli?» deb oʻyladi. Keyin koʻngliga bir shumlik kelib, oʻzidan oʻzi quvondi. «Boshliqni bir qoyil qilay», degan xayolda oʻgirilib, askar yigitga qaradi:
— Bular eplab qochishni ham bilishmaydi. Yalpayib yotishini qara, — dedi Qizil komandirni imlab koʻrsatib. — Yana bittalaring qani?

Qizil komandir javob bermay koʻzlarini yumdi. Yordamchi Mirhosilga yaqin keldi:
— Yana bittang qani deyapman?

«Demak, Komiscarni ushlashmabdi», deb oʻyladi Mirhosil.
— Biz uch kishimiz...
— Komissarlaring qani? — dedi Yordamchi Rahmatullohga qarab.
— Net ponimash...
— Tushuntirib qoʻyaymi?

Shunday deb Rahmatullohga musht tushirish qasdida qoʻl koʻtardi-yu, koʻzi uning nigohiga tushgach, qoʻlini qandaydir kuch siltab tashlaganday boʻlib, urolmadi. Sir boy bermaslik uchun kulimsiradi:
— Xoʻp, tushunmasang tushunmabsan. Qani, oldimga tushlaring!

Mirhosil Qizil komandirni suyab turgʻazdi. Ularning qiynalayotganini koʻrib, Rahmatulloh ham Qizil komandirning qoʻltigʻidan oldi. Askar yigit oldinda, Yordamchi orqada bordi. Bir chaqirim yoʻl bosishgach, askar toʻxtab, orqasiga qaradi. Yordamchi unga, chetroq oʻt, deb imlab, mahbuslarga buyurdi:
— Toʻgʻriga yurlaring!

Ular yana besh qadam bosishgach, ogʻzi oʻprilib yotgan oʻra labiga kelishdi.
— Ha, yurmaysanlarmi? — dedi Yordamchi toʻxtab. — Yo tanish odamni koʻrib qoldilaringmi?

Mirhosil engashib, behush yotgan Komissarni koʻrdi.
— U sizlarni orziqib kutyapti.— Yordamchi shunday deb askarni imlab chaqirdi-da, shivirladi: — Oʻrtadagisi senga, sonidan ot. Ikki chetdagisi menga. Ehtiyot boʻl, oʻldirib qoʻyma. Boshliq teringni shiladi-ya!..

Ular nima boʻlganini bilmay ham qoldilar. Miltiq otilib, avval qizil komandir sapchib tushdi. Keyingi oʻqdan Mirhosil oʻraga quladi. Oradan bir nafas ham oʻtmay Rahmatulloh sonidan qattiq ogʻriq sezib, choʻkkalab qoldi. Keyin boʻyniga miltiq qoʻndogʻi zarb bilan urilgach, u ham oʻraga yiqildi.
— Sen oʻlim raqsini hech koʻrganmisan? — dedi Yordamchi askardan. Soʻng oʻra labiga kelib, choʻnqayib oʻtirdi: — Qarab tur, koʻrasan. Hozir hushlari oʻziga kelsa boshlashadi.

Askar yigit ham Yordamchi yonidan joy oldi. Oʻq ovozlari ham, bugʻuning oʻkirigʻi ham eshitilmay qoldi.

«Ov tugadi shekilli?» deb oʻyladi Yordamchi. Anchagacha oʻrmon sukunat qa’riga choʻmdi. «Ov tugadi. Boshliq balo, bugʻuni tinchitmay qoʻymaydi, — degan qat’iy xulosaga keldi u. — Endi Boshliq qidirib ovora boʻlsa achchiqlanishi mumkin». Yordamchi shu toʻxtamga kelib, askarga buyurdi:
— Uchinchi kvadratga qarab yur. Boshliqni topib, shu yerga olib kel!

Askar buyruqqa itoat etib, oʻrnidan turgan joyida qotib qoldi:
— Bugʻu! — dedi u jonholatda. —Oʻq-oʻtmas bugʻu!

Yordamchi oʻylab ham oʻtirmay Bugʻuni nishonga olib, miltiq tepkisini bosdi. Askar esa miltiq otish lozimligini ham unutib, qochdi. Yordamchi yana bir oʻq otdi-da, u ham qocha boshladi... Bugʻu lopillab yugurganicha uni ta’qib etdi. Boshliqni qanday quvlagan boʻlsa, buning ham dam oʻng, dam soʻl tomoniga oʻtib, oʻzi istagan yoʻl boʻylab quvdi. Yordamchi ogʻzi oʻpirilgan oʻra labiga kelganida taqqa toʻxtadi. Pastga egilib qarashga qoʻrqdi. Orqasiga oʻgirilganida boshini egganicha shitob bilan yugurib kelayotgan bugʻuni koʻrdi. Oʻzini chetga olishga ulgurmadi. Bugʻuning qattiq shoxi uning koʻkragini teshib yuborganday boʻldi...

12

Yana yomgʻir savalay boshladi.

Oʻradagilar birin-ketin hushlariga kelishdi. Komissar ularning yaralanganlaridan bexabar, xomush boqayotgan koʻzlarda aybnoma oʻqiganday boʻlib, talvasaga tushdi:
— Men yoʻl qidirib yurgan edim. Qochdi, deb oʻyladilaringmi? Ha, bular oʻylamasa ham siz oʻylagansiz, — dedi Rahmatullohga tikilib. Rahmatulloh unga javob bermadi. Mirhosil esa unga qarab turib, xasta ovozda dedi: — «Tonglarning sirlari toʻrni keng yoyganda,
Biz — gʻofil, uyquning qa’rida qolamiz.
Toʻlgan oy koʻklarda suzilib borganda.
Biz — qoʻpol, tonglarning qahrida qolamiz...


Derlarki: «Oylarning nurida vafo yoʻq!»
Demaslar ularki: «Ayb bizda, biz buzuq»...
— Aniqroq gapiring, nima demoqchisiz?!
— Komissar... — Qizil komandir soʻnggi kuchini yigʻib, gap boshladi: — Komissar, sizni hech kim ayblayotgani yoʻq. Siz yoʻl topganingizda ham baribir qoʻlga tushib, oʻlib ketardik. Domla, ayting bunga: oʻlim — haq. Hech kim tirik qolmaydi bu dunyoda. Shuning uchun oʻlimdan qoʻrqmaslik kerak. Ibodat qilganlar ham, qilmaganlar ham vaqti kelib, jonlarini topshirishadi. Komissar, biz yaralanganmiz. Bu yerdan tirik chiqishimiz amri mahol. Siz harakat qilib koʻring. Hech boʻlmasa bir kishi tirik qolishi, qachon boʻlmasin yurtga qaytib, bizning dushman emasligimizni yetkazishi kerak. Har birimiz yurtni oʻzimizcha sevdik, oʻzimizcha xizmat qildik. Har birimiz bir joyda qoqildik, bir yerda adash yoʻlga kirdik...

Qizil komandirning keyingi soʻzlarini anglash mushkul boʻldi. Pichirlab, yamlab aytilayotgan soʻzlar tindi. Yarim ochiq koʻzlar yumildi. Sariq kipriklar qovushdi. Mirhosil savol nazari bilan Rahmatullohga qaradi. Rahmatulloh uning nigohini sezmaganday jim oʻtiraverdi.

Tildan qolgan Qizil komandir endi gapini xayolan davom ettirar, dam bulutlar ustida sarxush uchib, dam qattiq yerga qulab azoblanardi. Koʻzlari yumuq boʻlsa-da, tutqun hamrohlarini koʻrib turganday tuyulardi. Bir mahal tutqunlarni oppoq bulut bagʻriga yutdi-yu, koʻrinmay qolishdi. Bulut tarqalganda ularning oʻrnida koʻzlari oʻyib olingan oʻsha oqsoqol turar edi. Uning ikki qoʻli oldinga choʻzilgan, ikki kaftida ikki koʻz soqqasi turar edi...
— Ma, ol bu koʻzlarni, — dedi Oqsoqol.
— Kerakmas, — dedi Qizil komandir. — Oʻzimning koʻzlarim bor.
— Koʻzlaring koʻrmaydi. Koʻrsa edi, doʻst kim, dushman kim, farqlar eding.
— Vaqt oʻtdi endi... Yaramga tuz sepmang.
— Qishloqqa kirganing esingdami?
— Esimda. Qishloq kimsasiz edi.
— Qishloqda faqat men qolgan edim. Koʻzim koʻr boʻlgani uchun uyda yolgʻiz mengina qolgandim. Koʻzim nima uchun oʻyib olinganini aytmadim, a, oʻshanda? Senday norgʻul yigit edim. Muhammad Amin eshon qanotiga kirib, gʻazotga qoʻshilganim uchun oʻyishgan koʻzlarimni. Juda koʻp odamni oʻldirishdi. «Olloh», degan tillarini kesishdi. Sen u damlarni bilmaysan... Sen oʻshalarga qarshi ot surishing kerak edi.
— Bu gapni aytgansiz...
— Ha, aytganman. Yuragim zardobga toʻlib aytganman. Oʻsha kuni dashnoqlar kelib «Bosmachi yoʻlini toʻsamiz, handaq qazinglar», deb keksayu yoshni qirga haydadi. Shomga yaqin nabiram qaytdi. Dir-dir titraydi. Qoʻrqib ketgan ekan bechora. Barchani qilichdan oʻtkazib, oʻzlari qazigan handaqqa koʻmishibdi. Ollohning marhamati bilan nabiram qochishga ulguribdi. Nima boʻlganini aytdi-yu, oʻldi. Yuragi yorilib oʻldi. Keyin sen askarlaring bilan kelding. Dashnoqlarni quv, dedim. Sen beklarga qarshi ot surding...
— Eslatmang u damni. Adashganman. Men ham Xudoning bir gunohkor bandasiman. Armon bilan topshirayapman omonatimni. Jonimning qiynalishi ham shundandir.
— Sen xun olmading.
— Ololmadim...
— Endi kim oladi? Ruhimiz chirqirab qolaveradimi?
— ...
— Gapir.
— Meni qiynamang.

Shu payt Oqsoqol yonida Komissar paydo boʻldi. Qoʻlida chegalangan kosada za’faron suv.
— Komissar, kelganingiz yaxshi boʻldi. Ichim yonyapti. Yuragimdagi armonlarim choʻqqa aylanganga oʻxshaydi. Suvni menga olib keldingizmi, rahmat.
— Suv sizga, ammo bitta shartim bor: Xudo yoʻq, deb ayting, paygʻambar aldoqchi, deb ayting.
— Komissar, qoʻying bu gaplarni. Men hech qachon bunday demaganman.
— Demagan boʻlsangiz, endi ayting. Suvni iching. Tashnalikni bosing. Orom oling. Suvni ichsangiz qoʻzingiz ochiladi, shifo topasiz.
— Bolam, bu shaytonning gapiga kirma, — dedi Oqsoqol.

Komissar uni nari itardi. Talabini yana qaytardi. Shu damda Qizil komandir Rahmatullohning ovozini eshitdi, aniq eshitdi:
— La ilaha illolloh...

Rahmatullohning ovozi eshitilishi bilan Komissar gʻoyib boʻldi.

«Suv» dedi Qizil komandir.

Uning ovozini yonidagilar eshitmadi. Bittagina yomgʻir tomchisi labiga tushib, joni rohatlandi. Chuqur-chuqur nafas oldi-da, jimib qoldi. Burun kataklari kerildi. Changak boʻlib turgan oyoqlarini uzatdi. Rahmatulloh surilib, Mirhosil bilan joy almashdida, Qizil komandirga yaqinlashdi. Uning nafas olishi yana tezlashdi, keyin birdan susaya boshladi. Rahmatulloh kaftini uning jagʻiga qoʻyib, dona-dona qilib kalima keltira boshladi. Qizil komandir koʻzlarini ochib, nimanidir qidirib olazarak boʻldi. Rahmatullohni koʻrib, jilmaydi. Shu alpozda koʻz qorachigʻi ham qotdi. Nafasi ham oʻchdi. Rahmatulloh bir kafti bilan uning jagʻini ushlaganicha ikkinchi kafti bilan ochiq koʻzlarini yumdi.

Mirhosil ich koʻylagini yirtdi. Marhumning jagʻini, oyoqlarini bogʻlab qoʻyishdi. Qizil komandirning ustidagi kalta toʻnni yechib, yuziga yopishdi. Komissar qunishib oʻtirganicha ularning ishiga aralashmadi. Rahmatulloh devorni tirnab jasadning ustiga tuproq toʻkmoqchi boʻldi. Bir necha marta tatalagandan soʻng tirnoqlari orasidan qon chiqdi. Sonidan oqayotgan qon holdan ketkazdi. Pichirlab «Taborak»ni oʻqiy boshladi. Soʻnggi oyatlarni oʻqiyotganida tepada shoxdor bugʻuning qorasi koʻrindi. Rahmatulloh duo qilayotganida u oʻkirdi. Rahmatulloh boshini koʻtarib, tepaga qaradi. Qulogʻiga muazzinning shirali ovozi urildi — «Ollohu akbar!» Rahmatulloh ovoz chiqarib tasbeh aytdi. Bugʻu yana choʻzib-choʻzib oʻkirdi. Rahmatulloh qulogʻiga muazzin tasbeh aytganday boʻldi.

Bugʻu pastga tushishga intilganday tipirchilab, oʻra atrofida aylana boshladi.
— Tushmoqchiga oʻxshaydi, — dedi Komissar uning harakatini kuzatib. — Tushsa, hammamizni bosib oʻldiradi.

Bugʻu ham shuni oʻylabmi, pastga tushishga harakat qilmadi. Old oyoqlarini bukib oʻra labiga choʻkkaladida, boshini egdi. Rahmatulloh ham, Mirhosil ham koʻp qon yoʻqotganlari sababli oʻrinlaridan qimirlashga majollari yoʻq edi. Komissar oʻra devoriga suyanganicha oʻrnidan turdi. Tepaga qoʻlini choʻzdi. Qoʻli bugʻuning shoxiga yetay-etay dedi. Yarim qadam yonga surilsa, murda ustiga oyoq qoʻysa yetadi. Shuni xayol qilgan damda, Mirhosil uning maqsadini anglab qolib, surildi.
— Komissar, yelkamga qoʻying oyogʻingizni.

Mulozimat uchun fursat yoʻq edi. Komissar sogʻ oyogʻini yigitning yelkasiga qoʻyib koʻtarildi-da, bugʻuning shoxini mahkam changalladi. Bugʻu boshini osonlik bilan koʻtarib, uni oʻradan tortib oldi. Keyin yana choʻkkalab boshini egdi.
— Ey jonivor, bizni chiqara olmaysan, — dedi Mirhosil unga qarab. — Taqsir bilan qismatimiz bir ekan. «Mangu tutqunlikka kirdimi oʻlka, xayolda porlagan shamlarmi soʻndi?» Agar gapimizga tushunayotgan boʻlsang, Komissarni qamoqxonaga eltib qoʻy. U bizni sotdi.
— Sotganim yoʻq! — deb baqirdi Komissar oʻtirgan yerida.
— Sotdingiz, Komissar, oʻlayotgan damda toʻgʻri gapni aytib qolay. Siz uzoq umr koʻrishingiz kerak. To oʻlguningizcha shu oʻrani eslaysiz. Eslab qiynalasiz. Men uzoq umr koʻrishingizni istayman. Bugʻujon, uning hayotini asra, oʻlmasin...

Bugʻu uning gaplariga tushunganday boʻldi. Qaddini tiklab, Komissarga yaqinlashdi-da, boshini egdi. Komissar avvaliga uning harakatiga tushunmadi. Keyin shoxiga osildi. Bugʻu asta yura boshladi. Komissar ertaklardagina sodir boʻlguchi bu kutilmagan hodisadan xursand edi. Sudralayotgan oyogʻida ogʻriq tursa ham koʻngli charogʻlanib borar edi. U oʻlmay qolganiga chippa-chin ishondi. Bugʻu toʻxtamasdan yurdi. Komissarning qoʻllari toldi, ammo chidadi. Ancha yoʻl bosib oʻtilgach, bugʻu toʻxtab, Komissar oʻzini oʻra ogʻzida koʻrdi. «Shu joyga aylantirib olib keldimi yana?» deb oʻylab, shoshilganicha pastga qaradi va... harakatsiz yotgan Boshliq bilan Yordamchini koʻrdi-yu, qoʻrquvdan yuragi qinidan chiqib ketayozdi. Sudralib nari ketmoqchi edi, ulgurmadi. Bugʻu shoxi bilan surib uni oʻraga qulatdi-da, choʻzib-choʻzib oʻkirib qoʻydi.

Komissar nazarida oʻraga qulamadi, balki yumshoq gilam ustiga yumaladi, bu gilam uni osmonga koʻtarib, suzib ketdi. Anchagacha sarxush kezdi. Soʻng bir tanish ovozni eshitdi:
— Seni oʻldirgan odam toʻgʻri jannatga tushadi!

Kimniki edi bu ovoz? Ha... Boy otaning kenja oʻgʻliniki... Mulklari musodara etilgach, uch kundan keyin «Otam chaqiryaptilar», deb kelgandi. «Bormayman, — degan edi Komissar. — Boylar bilan gaplashadigan gapim yoʻq». «Otam qon siyib yotibdilar. Sizga aytar gaplari bor ekan». «Bilaman nima deyishini otangning. Meni oʻqitish uchun pul berganini pesh qiladi-da. Tagʻin ham oson qutuldilaring. Boylarning kuni bitgan, otangga aytib qoʻy».

Boyning oʻgʻli bu gapga chiday olmasdan unga tashlangan edi. Toʻpponchasi yonida boʻlmaganida Komissarni bu hirsday yigit boʻgʻib oʻldirishi mumkin edi. Osmonga qarab bir oʻq uzganida yigit qochdi. Qocha turib aytgan edi bu gapini.

Oradan yarim soat oʻtmay eshiklari oldida arava toʻxtadi.
— Boy otamning oʻzlari kelibdilar, — dedi Komissarning onasi. — Jon bolam, ularning tuzini totganmiz, otang oʻlganlarida kafanlikni ham Boy otam berganlar. Tuz haqqi bu kishiga qattiq gap aytma, ranjitma, jon bolam...

Koʻcha eshigi qiya ochilib, Boy otaning toʻngʻich oʻgʻli koʻrindi.
— Hech boʻlmasa shu ostonaga kelarsan? — dedi u dagʻal ovozda.

Komissar onasining zoʻri bilan ostonaga qadar bordi. Boy ota holdan toygan boʻlishiga qaramay, tirsagiga tiralib, qaddini sal koʻtardi.
— Bolam, men sendan bir nima talab qilib kelmadim. Sendan soʻraydiganim bitta — rozi boʻlgin. Esingdami, qimorda yutqazib pul soʻraganingda yuzingga bir tarsaki urgan edim. Haqqim yoʻq edi urishga. Shunga rozi boʻlgin, bolam. Ayt, rozi boʻldingmi?

...Ancha yil burun boʻlgan edi bu voqea. Boy ota chindan ham tarsaki tushirgan edi. Ammo qarzni toʻlab, soʻng uni oʻqishga joylab qoʻygandi...

Komissarning onasi qulogʻi ostida shivirladi:
— Roziman, degin, bolam.

Komissar indamadi.
— Boy ota, bolam mingdan ming rozi, hammamiz rozimiz. Siz ham...
— Oʻz ogʻzi bilan aytsin.

Komissar indamadi. Boy ota boshini yostiqqa qoʻydi...

Komissar shularni esladi-yu, koʻz oʻngida Boy ota gavdalandi. Uni soʻnggi marta bemor holida, arava ustida tirsagiga suyangan holda koʻrgan edi. Hozir toza kiyimlar kiygan, xushroʻy holda koʻrdi.
— Boy ota, men oʻshanda majbur edim, — dedi Komissar.

Boy ota jilmayib qoʻydi-yu, indamadi.
— Men sizdan rozi boʻlganman. Siz ham rozi boʻling...

Boy ota yana indamadi...

Komissar koʻzlarini ochdi. Oʻra ogʻzida bulutli osmonning bir parchasigina koʻrinib turardi. Bugʻu koʻrinmas, uning ovozi ham eshitilmay qolgan edi.

Oʻrnidan qoʻzgʻolmoqchi edi, belida qattiq ogʻriq turib, baqirib yubordi. «Nima balo, belim sinibdi-mi? — deb oʻyladi. — Bir oz dam olay, keyin chiqishga urinib koʻraman. Mana bularni ustma-ust qoʻysam, chiqib ketaman. Bu oʻra pastroqqa oʻxshaydi... Bular tirikmi yo oʻlikmi?..»

Dam oʻtmay ular ham qimirlashdi. Avval Yordamchi, soʻng Boshliq koʻzlarini ochdi.
— Senmisan? — deb ajablandi Boshliq yordamchisini koʻrib. Soʻng Komissarga ajablanib qaradi: — Bu qaerdan kelib qoldi?
— Hayronman, boshqa oʻrada edi.

Boshliq yelkasini oʻra devoriga tirab turmoqchi boʻldi. Ammo koʻkragida kuchli ogʻriq turib yana yiqildi.
— Sen anavi marazning ustiga chiq, — dedi Boshliq yordamchisiga.

Yordamchi u aytganday qildi. Boshliq tishini tishiga qoʻyib, ogʻriqqa chidab, chap oyogʻini Komissarning yuziga, oʻng tizzasini Yordamchining yelkasiga qoʻyib koʻtarilmoqchi boʻldi. Biroq, qaddini koʻtara olmadi. Ikkinchi marta urinishda ogʻzidan qon keldi.
— Tamom, — dedi Yordamchi. — Chiq, ustiga.

Komissar sudralib Boshliqning jasadi ustiga chiqdi. Yordamchi oʻrnidan turishga urindi. Uddalay olmadi. Bir necha daqiqadan soʻng u ham jon berib azoblardan qutuldi. Komissar ularni ustma-ust qoʻyishga harakat qildi-yu, uddalay olmadi. Tobora holdan toyaverdi...

13

Bugʻu Rahmatulloh bilan Mirhosil tushib qolgan oʻra tepasiga bir necha marta keldi. Atrofni aylandi. Boshini egdi. Nochorlikdan ezilganday toʻxtovsiz oʻkirdi.

Pastdagilar bu jonivorning siridan bexabar, bu jumboqni yechishga harakat ham qila olmas edilar. Bugʻu uchinchi marta kelganida yuqoriga qarashga majollari yetmadi. Mirhosil koʻz oʻngida ustozi gavdalangan, uni bagʻriga mahkam bosib «Koʻrishamiz degan edim-ku, mana, koʻrishdik. Sening koʻrganlaring bir tush edi... Bir tush edi...», deydi.

Rahmatulloh esa xayolan Ka’batulloh atrofida zikr aytib yurardi. Makkai mukarramaning iliq havosi tanasidagi muzni haydab chiqarib, badaniga harorat berar edi. Muazzin ovozi eshitildi. «Ollohga shukr, subhga yetdik», deb oʻyladi Rahmatulloh. Shu oʻy fikrini yoritdiyu joni uzildi...

Bugʻu oʻra labida uzoq vaqt qimir etmay turdi. Soʻng shoxlari bilan loy tirnab, oʻrani koʻma boshladi. Keyin Komissar yotgan oʻraga borib uni ham koʻmib tashladi.

Soqchiboshi rahbarligidagi askarlar ertasiga qoʻrqa-pisa oʻrmonga chiqdilar. Uzoq qidirishga yuraklari betlamay orqalariga qaytdilar.

Shu voqeadan soʻng bugʻu qamoqxona soqchilarini bezovta qilmay qoʻydi.

Oʻttiz Besh Yildan Soʻng...

Bu yorugʻ olamda tasodif ila yuz berguchi voqealar koʻp. Ba’zan yetti uxlab bir tushda koʻrmaydigan, oʻz koʻzingiz bilan koʻrib ham ishongingiz kelmaydigan hodisalarning guvohi boʻlasiz. Endi bayon etilguchi voqea ham shular sirasidan.

Oʻq oʻtmas bugʻu shoxi bilan yer tirnab, tutqun holida jon berganlarni dafn etganidan keyin olam necha bor turlandi. Rahmatulloh yotgan yerdan maysalar unib chiqdi. Oʻrmonzorda daydib yuruvchi bugʻu ba’zi-ba’zida bu yerga kelib, uzoq vaqt ma’yus koʻrinishda turar edi. Soʻng Boshliq yotgan yerga borib unib chiqmoq ilinjidagi maysalarni depsib tashlardi. Bu hol yillar osha takror boʻlaverdi. Shu tarzda oradan oʻttiz besh yil oʻtdi. Bugʻu endi uzoqlarga keta olmaydigan boʻlib qoldi. Uning oʻkirigʻi ham oʻrmonni larzaga soladigan darajada emasdi. Bugʻuning uzoqlarga keta olmayotgani faqat umr shomi yaqinlashayotganidan emas, balki bu atrofda odamlarning koʻpayib qolgani, na’ra tortib ishlovchi texnikaning oʻrmon sukunatini buzishi ham sabab boʻlayotgan edi. Oʻrmonning qoq belidan temir yoʻl oʻtishi lozimligi, bu qurilish BAM deb yuritilishi, bu qurilishga Rahmatullohning yurtidan ham odamlar kelgani, shubhasiz, bugʻu uchun noma’lum edi.

Yigirma yilning naryogʻida, qamoqxona boshqa yerga koʻchirilgach, uning oʻrni xarobazorga aylangan edi. Qurilish boshlanib, qolgan-qutgan binolar ta’mir etildi, idoraga, yotoqxonaga aylantirildi va peshtoqiga «Shtab» deb yozib qoʻyildi. Bu yer garchi «Komsomol zarbdor qurilishi» degan nomda zikr etilsa ham, aslida unda ogʻir jazosi yengillashtirilib, majburiy mehnatga hukm qilinganlar ter toʻkishardi.

Uch kun ezib yoqqan yomgʻir tunda tinib, ertalabga yaqin bulut choklari soʻkildi. Ola chalpoq bulutlar orasidan quyosh koʻringanda «Shtab» hali uyquda edi. Ikki kun burun markazdan kelgan Vakil koʻngil xumorini yozish maqsadida bu yerda tuni bilan muhim tadbir oʻtkazgan edi. Oqshomda boshlangan majlis zarbdor qurilishda komsomollarning vazifalarini muhokama qilib olgach, ziyofat boshlangan, soʻng sarxush Vakil istagi bilan qarta oʻyiniga oʻtirishgan edi. Oʻn tiyindan tikib boshlangan oʻyin avjiga mindi. Qurilishning katta-kichik yetakchilari qimorga uquvsiz edilarmi, har holda ikki-uch mingdan yutqazib, moʻ‘tabar mehmon oldida «uyalib» qolishdi. Yutuq tugʻyonga keltirdimi yo ichilgan aroq miqdori me’yordan oshdimi, Vakil usta qimorboz ekaniga oʻzi ham ishonib, «Lagerning zoʻrini olib kelasan», deb turib oldi. Uzun boʻyli, qomati kelishgan, sochlari orqaga taralgan, koʻzlari kibr bilan boquvchi Vakilning istagi mezbon — komsomol zarbdor qurilish otryadining komissari uchun amri vojib edi.

Mezbon ham, mehmon ham shu bahorda oʻttiz beshga toʻlgan edilar. Shundanmi, yurish-turishda ham, gap-soʻzda ham, xurmacha qiliqda ham bir-birlariga oʻxshab ketardilar. Komissar Vakilning istagi yaxshilik bilan tugamasligini bilib, u aytganday «zoʻr»ni emas, zoʻrlar orasidagi Dastyorni chaqirtirib keldi. Dastyor Vakilni yarim soatdayoq shilib olishi mumkin edi. Komissarning imo-ishoralariga itoat etib, oʻyinni tongotarga qadar choʻzdi. Soʻng «Bu oʻyin hazil edi», deb yutganlarini tashlab chiqib ketdi.

Ana shu maroqli tundan soʻng Vakil ham, Komissar ham hordiq chiqarishardi. «Zarbdor» quruvchilar nonushta qilib, ish-ishlariga tarqashganida ham «Shtab» uygʻonmagan edi.

Komissar peshinga yaqin lanj holda turdi. Qabulxonasiga chiqib kerishdi. Eti junjikib, qoʻllarini bir-biriga ishqadi. Shundagina eshik yonida moʻ‘minlik bilan turgan yigitga koʻzi tushdi.
— Ha, keldingmi? — dedi mensimagan tarzda.

Yigit salom berdi-yu, unga yakinlashishga jur’at etmadi.
— Kech koldingmi? Endi nima kilamiz?

Yigit boʻynini kisib, kalin kogoz kutilarga karadi.
— Nima bu?
— Noz-ne’matlar...
— Oʻzing keldingmi?
— Akam birga keldilar.
— Akangmi? Akang nima ish kiladi?
— Aytuvdim-ku... bazada...
— Chakir akangni...

Yigitning akasi eshik orkasida turgan edi, bir zumda Komissar roʻparasida paydo boʻldi. U ukasiga oʻxshab iymanib turmasdan, chakkon kelib Komissar bilan koʻshkoʻllab soʻrashdi.
— Ukang besh kun kechikib keldi. Buning uchun nima boʻlishini bilasanmi? Yana besh yil koʻshib berishsa BAM bitguncha shu yerda mogorlab yuraveradi, — Komissar shunday deb ogzini baralla ochib esnab, kerishdi.

Besh yil qoʻshib berilishi haqida bepisandlik bilan aytilgan gapni eshitgan Yigit ham, uning akasi ham choʻchib ketishdi.
— Hazil qilmang, akaxon, — dedi Aka jilmayishga harakat qilib.
— Hazil onangning uyida boʻladi. Bu yer davlatning idorasi.
— Besh kunning bir ilojini topsa boʻlar, gunohni yuvarmiz. Akaxon, har holda oshna-ogʻaynilarimiz qarab turishgani yoʻq.
— Sen chiqib tur, — dedi Komissar Yigitga. Yigit buyruqni bajargach, Akaga qaradi. — Gunohni yuvish oson emas, buni bilasanmi?
— Bilamiz, akaxon, biz ham koʻcha koʻrgan odamlarmiz.
— Koʻcha koʻrganmish... Koʻcha koʻrgan odam ukasini qamatib qoʻymaydi.
— Ha, endi gʻaflatda qoldik. Tuhmat boʻldi-da...
— Tuhmatmi?.. Nima, sovet tuzumi faqat tuhmatchilardan iboratmi? Shunday demoqchimisan?
— Yoʻgʻ-e, akaxon, unaqa niyatim yoʻq. Men siyosatga tushunmaydigan omi odamman. Choʻt qoqib yurgan odamda bunaqa fikr qayoqdan boʻlsin?
— Gapni choʻzmay choʻtingni qoq. Uyga borib kelishga berilgan ruxsat, besh kun kechikish... xoʻ-xoʻsh... Agar xohlasang, muddatini qisqartirish imkoni ham bor. Maskovdan vakil kelgan, shuni xursand qilish kerak.
— Hammasiga tayyormiz.
— Tayyor boʻlsang, ana pidjagim. Oʻttiztani choʻntagiga sol. Xonamga ukang olib kirsin.

Komissar shunday deb ichkariga kirdi. Aka u bilan savdolashishga jur’at qila olmadi. Pulni sanadi-da, ilgichdagi havorang pidjakni olib, choʻntagiga avaylab soldi. Soʻng ukasini chaqirdi.

Komissar ichkariga kirgach, divanda yotgan Vakil koʻzlarini ochdi.
— Shampan topsang-chi, Komissar, — dedi u esnab.

Komissar javondan shampan vinosini oldi-da, kosaga quyib uzatdi. Vakil qaddini sal koʻtarib, koʻzlarini yumganicha vinoni simirdi.

Soʻng boʻshagan kosani Komissarga uzatib, labini yalab qoʻydi.
— Onamdan qayta tugʻilganday boʻldim, yasha, — dedi huzur qilib.

Yigit kirib pidjakni uzatdi.
— Ha, aytganimday boʻldimi? Yaxshi, mana, akangga ilgʻorlardan ekaningni aytdim. Bugun ikki enlik xat qilamiz. Muddating qisqaradi. Bor, ishingni qilaver.
— Komissar,— dedi Vakil yotgan yerida kerishib.— Oʻzbekistonda boʻlganimda menga kabob ma’qul kelgan edi. Ikki kundan beri kutaman, kabobning isi chiqmayapti. Nima, mehmondoʻstlikni unutib qoʻydinglarmi?
— Kabobni saylga moʻl qoʻyuvdim. Hozir ovga joʻnaymiz. Yigitlar joy tayyorlab kutishyapti. Shu atrofda bugʻu koʻringan ekan. Ochiq havoda bugʻu goʻshtidan kabob yeyishga nima yetsin, a?

Vakil mamnun jilmaydi.
— Kechagi zoʻrni ham chaqir. Kayfda meni aldadi. Bugun bir burnini yerga ishqay.
— Bugun oʻzimiz oʻtiraylik. Yigitlar suhbatingizni sogʻinishgan.

Vakil bu taklifga noiloj koʻndi.

Ular tushgan «Vezdexod» kichikroq bir yalanglik yonida toʻxtadi. Yalanglikka gilamlar toʻshalgan, oʻrtada toʻkin dasturxon mehmonga muntazir edi. Ular ovdan oldin qizishib olmoqni ma’qul koʻrishdi. «Qizishib olish» marosimi moʻljaldagidan koʻproq choʻzildi. Vakil shirakayf boʻlib, yonboshlab oldi. Komissar xizmatda boʻldi. Boshqalar «Vezdexod» panasida davra qurishdi. Bugʻu goʻshti nasiya boʻlgani uchun shtabda ziralangan goʻshtdan kabob qilishdi.
— Urushdan ilgari bobom shu yerlarda xizmat qilgan ekan, — dedi Vakil. — Aksilinqilobchilar oʻqidan halok boʻlgan ekan.
— Qabrlarini ziyorat qildingizmi? — deb soʻradi Komissar.
— Qabrlari yoʻq... Otishmadan soʻng jasadlarini topisha olmagan ekan. Ha, aytmoqchi, biz sen bilan hamyurtmiz, desam ham boʻladi. Bobom yurtingni bosmachi gʻalamislardan tozalashda qon toʻkkan.
— Shuning uchun ham biz sizni yaxshi koʻramiz-da. Oʻzbekiston — sizning uyingiz. Qachon borsangiz, yuragimiz shodlikka toʻlib kutib olamiz. Mana, qarang, siz keldingizu bu yerlarda ham oftob charaqlab ketdi. Yaxshi odamning nabirasi ekaningizni Quyosh ham tasdiqladi.

Ular oʻtgan yaxshi odam uchun ichishdi.

Soʻng Komissar tilga kirdi:
— Meni bu ishga taklif qilishganida, nima uchun yoʻq demaganimni bilasizmi? — U Vakildan javob kutmay, davom etdi: — Koʻpchilik koʻnmadi. Men uchun esa bu yerlar qadrli. Mening bobom ham shu yerlarda halok boʻlgan ekanlar. Bobom fuqaro urushida komissar boʻlganlar. Mening lavozimim ham komissarlik...
— Biz ota-bobolarimiz ishining davomchilarimiz, — dedi Vakil koʻtarinki ohangda.

Otalar ishini davom ettirish uchun ichdilar.
— Sizning oʻgʻlingiz bor ekan, — dedi Komissar joʻshib. — Mening qizim bor. Biz quda boʻlishimiz mumkin. Oʻgʻlingizni Oʻzbekistonga olib kelasiz. Qizimning qulogʻini tishlab qoʻysin. Bizda shunday udum bor.
— Ungacha men sening qulogʻingdan tishlab qoʻya qo-lay, — deb hazil qildi Vakil.

Hazildan zavqlanib, oʻpishdilar.

Kuda-andachilik uchun ichmoqchi boʻlishganida korjomadagi bir yigit ularga yaqinlashdi.
— Komissar, qirq ikkinchi ob’ektni qaziyotganimizda odam suyaklari chiqdi.

Yigitning gapi Komissarning gʻashini keltirdi.
— Chiqsa nima boʻpti, bir chekkaga surib tashla.
— Bir bugʻu paydo boʻlib qoldi. Hech kimni yoʻlatmayapti.

Bugʻu paydo boʻlib qolganini eshitib, ular bu yerga ov bahonasida chiqqanlarini eslashdi.
— Oʻlja oʻz oyogʻi bilan kelibdi-ku, ketdikmi? — dedi Komissar Vakilga qarab.

Shirakayf Vakil oʻrnidan turdi-da:
— Bugʻu ovlash jonu dilim, — deb gʻudrandi.

Ekskavator oldida uch kishi turardi. Odam suyaklari sochilib yotgan chuqurcha labida boshini egib olgan bugʻu xuddi tosh qotgandek edi. Komissar shoshib miltiqni oʻqladi-da, «Avval siz oting», deb Vakilga mulozimat qildi. Vakil miltigʻini shoshilmay oʻqladi, shoshilmay nishonga oldi. Tepkini bosdi. Birinchi oʻqdan bugʻu qilt etmadi. Vakil ikkinchi tepkini ham bosdi. Bugʻu yana qimirlamadi. Vakil «Nahot tegmadi?» degan savol nazari bilan sheriklariga qaradi. Shoshilganicha miltiqni qayta oʻqlab yana tepkini bosdi. Bugʻu boshini koʻtarib, oʻkirdi. Komissar ham uni nishonga olib oʻq uzdi. Bugʻuning tanasida jarohat izi sezilmadi. Ishchilar bu holdan ajablanib, ekskavator ortiga chekindilar. Bugʻu ham orqasiga tisarildi. Keyin hech kutilmaganda Komissar sari sapchidi. Ikki-uch sakrashda uning roʻparasida paydo boʻldi. Avval Komissarni, soʻng Vakilni shoxiga ilib uloqtirdi-da, daraxtlar orasiga kirib gʻoyib boʻldi. Ishchilar Komissar bilan Vakilni suyab turgʻazib, «Vezdexod»ga olib boramiz deb turishganida bugʻu yana paydo boʻldi. U suyaklar sochilib yotgan chuqurlik oldida bir oz turdi. Keyin kutilmaganda yonboshiga shart quladi. «Oʻq tekkan ekan-ku? — deb oʻyladi Komissar. — Unda nimaga qon chiqmadi?» Bugʻuga yaqinlashishni ham, yaqinlashmaslikni ham bilmay turishganida jonivor kichraya boshladi. Bir necha daqiqada dami chiqqan pufakdek undan hech nima qolmadi. U yotgan yerdan yengil hovur koʻtarildi. Bu hodisadan qoʻrquvga tushib, tezda izlariga qaytdilar. Yaqinginada ziyofat yeb oʻtirgan yerlari toptalgan, idish-tovoqlar singan, yegulik-ichguliklari sochilib ketgan edi. Xizmat qilib yurgan yigitlar esa qoʻrqib, «Vezdexod» ichida oʻtirishardi. Ular bir bahaybat bugʻu payo boʻlib hammayoqni yakson qilib ketganini aytib berishdi

Hamma narsa joy-joyida qoldi. Barchalari mashinaga oʻtirib, shoshqich ravishda shtabga qaytdilar. Kechga borib Komissar bilan Vakilning isitmasi koʻtarildi. Ratsiya orqali vrach chaqirdilar. Vrach yetib kelganida ikkovi ham hushini yoʻqotgan edi. Ularni vertoletda olib ketishdi.

Shundan soʻng qirq ikkinchi ob’ektdagi ekskavatorga ikki hafta davomida hech kim yaqinlasha olmadi. Oʻn besh kun deganda dadilroq ishchilar borib, suyaklarni qayta koʻmishdi. Loyihani buzib, temir yoʻlni yuz qadam naridan oʻtkazadigan boʻlishdi. Ziyofat boʻlgan joyga esa birov qadam ham bosmadi. Shtabdan olib kelib yozilgan gilamlar namgarchilikdan chiriy boshladi.

Gilamlar toʻshalgan yer ostida ham uch kishining suyaklari borligini, bu yerda Vakilning bobosi — qamoqxona boshligʻi va otryad komissarining bobosi — Komissar madfun ekanliklarini hech kim bilmadi. Bu sirni bugʻu oʻzi bilan birga olib ketgan edi.

Muxtasar Xotima

«Unet» sayyorasi «1248» deb belgilagan Yer ahli sakson yil muqaddam Tungus yerlarida sodir boʻlgan voqea yechimiga yetolmay garangsib yurganlarida falakda gʻaroyib hodisalarga duch keldilar. Yer sayyorasining turli joylarida koʻrinishi ulkan laganni eslatuvchi jism paydo boʻla boshladi. Birovlar bu jismni shunchaki odamlar koʻzini aldovchi nur oʻyini deb isbotlamoqchi boʻldilar. Birovlar esa uzoq sayyoralar vakili deb ishondilar. Ikkinchi toifa odamlar yanglishmagan edilar. Chindan ham bu jism Unet elchilarini olib kelgan ikkinchi fazo kemasi edi. Ular yer atrofini aylanib, avval safar qilgan fazogirlarini izlar edilar. Ularga hali falokat sababi qorongʻu. Lekin fazogirlarning biri berayotgan xabar oqimi ularda ilinj uyQotgan edi. Avvalgi kema bepoyon oʻrmon ustida toʻxtaganini, fazogirlardan biri shu yerlarda koʻp uchraydigan bugʻu jasadiga kirganini, kutilmaganda kema portlashi natijasida oʻz qiyofasiga qaytolmagani yoinki yerliklar shakliga kira olmaganini ana shu xabar oqimidan bilishdi. Xabar nihoyatda ojiz toʻlqinda edi. Shunda ular bu oqim ancha ilgari tarqagan, fazogir esa halok boʻlgan degan taxminga borishdi. Ularga Yer bilan aloqa oʻrnatish man etilgan edi. Shu bois osmonda yogʻdu taratib uchishdan boʻlak imkonlari yoʻq edi. Bepoyon oʻrmonzor ustidan uchishayotganda ular soʻnggi xabar oqimini olishdi: «Men oʻzimiz kabi musulmon bandani uchratdim. Uni qutqarib qola olmadim. Armon bilan ketmoqdaman...»

Unet sayyorasidan kelgan fazo kemasi iziga qaytdi.

Uchinchi kema Yer vaqti bilan oradan ellik toʻrt yil oʻtgach keladi. Ular yerga tushadilar. Rahmatulloh koʻmilgan, bugʻu jon bergan joyni topadilar. Oʻsha yerda marhumlarga janoza oʻqiladi. Biz ham fotihaga qoʻl ochamiz: «Allohum magʻfirlihayyina va mayyitina va shahidina va gʻoibina va sogʻiyrina va kabiriyna va zakarina va unsana. Allohumma man ahyaytahu minna fa ahyihi a’lal-islami va man tavaffaytaxu minna fatavaffahu a’la-l-iyman!» Omiyn!

1996