OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiOzod inson haqida qoʻshiq (I- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm172KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/28
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ozod inson haqida qoʻshiq (I- qism)
Tohir Malik

«
Atoqli adib Mirzakalon Ismoiliy tavalludining 100 yilligiga bagʻishlanadi
»

XX asrdagi mashhur asarlardan biri “Fargʻona tong otguncha” romani qamoqxonada yozilgan edi. Yozuvchi kitobxonga yozgan maktubida: “men bu kitobni yoza turib qanchalar yigʻlaganman, qanchalar qon yutganman!.. Bilsangiz, peshanamda temir panjara, tepamda oʻlimtik chirogʻning oʻlib boʻlgan qora nuri, ostimda zax, sovuq beton, eshigida otning kallasidek qulf!.. Qoʻying, boshqa tafsillarning qorasi oʻchsin! Bu shunchaki bir kitob emas, yoʻq, shaxsga sajda davrining qora kunlarida ming azob, ming toʻlgʻoq bilan tugʻilgan bir gʻarib xilqat. Ha, xilqat!.. Bu mening yigʻlay-yigʻlay topgan bolam!” deb ta’rif bergan edi. Kitobxonlarning adib hayotiga boʻlgan qiziqishlari inobatga olinib, mazkur hujjatli qissa yozildi va talabchan oʻquvchilar hukmiga havola etilyapti.

«
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Robbana toqabbal minna
innaka anta-s-samiu'l
aliym va tub a’layna
innaka anta-t-tavvabur rohiym[1].
»
«
Boqchalarda gullar soʻldi, sezmadim,
Oʻstirganlar yetim boʻldi, sezmadim.
Koʻngillarga qora toʻldi, sezmadim,
Sezdim sening ketganingni,
koʻngildan…

Abdulhamid Choʻlpon.
»
«
Qoʻnma, bulbul, qoʻnma, bulbul,

Mozor toshiga.
Nalar keldi, nalar keldi
Yurtim boshiga!..
Xalq qoʻshigʻi.
Yuragimda xoʻrliqlarning alami,
Soʻrsam, derlar: “Yozmish Qudrat qalami”.
Nechun qalam baxtimni qaro yozdi?
Ne qildim, yoʻlimni gʻamaro yozdi?!
Toleimdin kimga yigʻlay, dod etay?

Dunyo kelib, neni koʻrdim, yod etay!

Mirzakalon Ismoiliy.
»

Muallifdan

Muhtaram adabiyot muhiblariga kichik bir xizmat qilish niyatida Tangri taolodan madad soʻragan holda yana qoʻlga qalam olib, oq qogʻoz ustiga dastlabki satrlarni bitmoqdaman. Kishining qadri hayotlik chogʻidagiga nisbatan vafotidan soʻng aniqroq bilinishini donolar aytib oʻtganlar.

Vaqt – hakamdir. Yillar bir tarozudir goʻyo. Qilingan amallar oʻlchanur. Agar inson tarozu pallasida arzirli amallar qoldirgan boʻlsa, uning nomi foniy dunyoda yashayveradi. Bunday insonlarning nomini eslab yurish yoki oʻchirib tashlashga banda qodir emasdir. Bu Ilohning marhamatiga, xohish-istagiga xosdir. Bu marhamatga erishmoq uchun esa iymon yoʻlidan boriladi. Guvoh boʻlaylikkim, bu marhamatga, lutfu karamga hamma ham erisha olmaydi.

Mirzakalon Ismoiliy vijdonlariga xiyonat qilmagan insonlardan biri edilar, vallohi a’lam! Shu boisdanmi, xalq bu adibga koʻngil qoʻydi. Vafotlariga salkam oʻn besh yil toʻlsa-da, u zotning moʻ'tabar nomlari hanuz qalb ardogʻida. Mirzakalon Ismoiliy menga mehribon togʻa, talabchan ustoz edilar. U zot ustozlik haqqini ado etib ketdilar, Alloh rozi boʻlsin! Endi menga shogirdlik va jiyanlik burchini ado etish fursati keldi. Yaratganning madadi, Siz – azizlarning duolaringizga suyangan holda bu burchni ado qilmoqqa jur'at etyapman.

Sizlarning e’tiboringizga havola etilayotgan asar toʻqilgan, havoyi gaplar emas. Uning asosi, poydevori – Mirzakalon Ismoiliyning qamoqxonada tergovchi uchun maxsus yozgan, goʻyo tavba uslubidagi “Vijdon tavbasi” degan bayonnomalaridir. Bu nomani “Vijdon tavbasi” emas, aslida “Vijdon azobi” demak durust boʻlur edi. Unda yozuvchi “xalq dushmanining farzandlari” deb nomlanmish la’nat tamgʻasi bilan bolalarimga zarar yetkazishmasa edi”, degan havotirda koʻkraklarini vijdon azobi oʻqiga tutgan, oʻzlarini oʻzlari chindan ham “millatchi” va “xalq dushmani” ekanliklarini isbotlamoqqa tirishgan edilar.

Yana bir-ikki izoh shuki, asarda Mirzakalon Ismoiliyning turli kitoblarida bayon etilgan ayrim jumlalardan ham foydalandik. Adib murakkab hayotlari davomida koʻp adolatsizliklarni koʻrdilar, doʻstlarning xiyonatlariga ham guvoh boʻldilar. Xiyonatkorlarning ayrimlarini “Vijdon tavbasi”da tilga olganlar. Xiyonatkorlarning avlodlari mazkur asarimizni oʻqiguday boʻlsalar isnodga qolmasliklari uchun ularning nomlarini oʻzgartirib bayon qildik. Eng muhimi, doʻstlar xiyonat qilgan boʻlsalar-da, togʻam qamoqdan chiqqanlaridan soʻng ularni kechirib, birodarliklarini davom ettirgan edilar.

Yozganlarimizni oxirgi satriga qadar toqat bilan oʻqiy olsangiz, bunga oʻzingiz ham guvoh boʻlarsiz. Ulugʻ adibning hayotiga befarq emasligingiz uchun Siz – azizu mehribonlardan behad minnatdorman.

Tarix 1998 yilning Navroʻz arafasi, Zulqa’daning Oy toʻlishgan kechasi xayrli niyat ila boshladim.

Alloh oqibatni xayrli qilgʻay, omiyn!

I

Toshkent, Darxondagi uch xonali uy.
1986 yil, 4 fevral, seshanba, soat 15.15.

Qish oʻzining avvalgi hovuridan birmuncha tushib, bahor siqigʻi bilan chekina boshlagan boʻlsa ham, hanuz oʻz yoʻllarida alam zahrini sochib boradi. Uning achchiq izgʻirinlari iliq bahor yellariga ba’zan hamla qiladi, tamom qoʻzgʻalib, kuchga kira boshlagan dilkash hayotni boʻgʻmoqchi boʻladi. Lekin borliqni uygʻotgan bahor oʻz oʻjarligini qoʻymaydi.

Bahor oʻjar.

Bahor nafasida huruj qilayotgan xastalik oʻjar.

Bemor undanda oʻjar...

Tabiatan sergʻayrat boʻlgan, past boʻyli, jikkakdan kelgan bu odamning xastalik oldida boʻsh kelishini yaqinlaridan hech bir kishi kutmagan edi. Garchi yoshi saksonni qoralayotgan boʻlsa-da, shaxdam va tetik yurishi goʻyo uning kamida yuz yil umr koʻrishidan darak berardi.

Bir oy avval shifoxonadagilar “uzogʻi bilan ikki kunlik umri qoldi, istasangiz olib ketinglar”, deyishgan edi. Unda kelgan-ketganni tanirdi, uch kundan beri esa hushsiz. Eti suyagiga yopishib, xuddi yosh bolaga oʻxshab qolgan.

Atrofdagilar uni hushsiz deb oʻylashadi, sekin-sekin gaplashishadi. U esa hamma narsani eshitib, anglab yotibdi. Faqat bosh ogʻrigʻi xuruj qilganda gaplarga quloq solgisi kelmay qoladi. Mehribonlarining bir-bir kirib yuzlarini silashlari, ayniqsa peshonasini uqalashlari xush yoqadi, ogʻriqlari sal ariganday boʻladi. Peshonasiga uzoq vaqt qoʻyilib turuvchi kaftni boshqalaridan ajrata oladi. Bu kaftning tafti miyani kemirayotgan ogʻriqni bosa oladi.
-Dadajon, bugun biz bilan birga uyga ketasizmi?

Qulogʻiga jaranglab urilgan bu gapdan seskanib ketdi.

Qaerdan keldi bu ovoz? Uni kim chorlayapti?

Uning bezovtalanganini atrofdagilar sezishdi, lekin ogʻriqning ta’siri deb oʻylab, yuzlarini silashdi. U esa alanglab, ovoz egasini qidirdi. Bemor oʻzicha atrofga javdirab qarayotganday boʻlardi. Aslida esa qorachiqlardan nur qochgan, kerilgan burun kataklaridan esa notekis nafas chiqardi.
-Dadajon, uyga ketmaymizmi?

Yana javdiradi va... koʻrdi: roʻparasida yengli oq koʻylak kiyib olgan Oyzuhrasi jilmayib turibdi. Urushdan qaytganida shu koʻylagida, shunday kulgu bilan kutib olgan edi dilbandi. Biram shirin kulardi... biram shirin kulardi bu jon qizi! Lekin u hozir qaerdan keldi? Axir u vafot etgan edi-ku? Qamoqdan qaytganida Oyzuhrasining oʻlimini eshitib “Bu koʻrgulikni koʻrgunimcha qamoqda oʻlib ketganim ming marta yaxshi edi”, degan edi-ku? Soʻng Minor qabristoniga borgan, faryod urib, koʻkragini zax yerga berib yotib olgan edi-ku? Toʻrt yillik urush vahshatlariga chidagan, qamoq adolatsizliklari bukolmagan qaddini shu ayriliq bukib qoʻygan edi-ku? Qamoqqa olishlaridan oldin, 1950 yilning yoz chillasida bu qabristonga otasi Ismoilxoʻjani qoʻygan edi. Oyzuhrasini bobosi yoniga qoʻyibdilar...
-Dadajon, ketaylik...

Qiziq... roʻparasidagi oq koʻylakli Oyzuhra gapirayotgani yoʻq, faqat jilmayib turibdi. Ovoz ham uniki emas. Uch yoshli qizaloqniki... Ha... Oyzuhra emas, Malikaxoni chaqiryapti.

... Ayasi bilan qamoqxonaga borgan edi oʻshanda.

Tan azoblari bilan muddaosiga yeta olmagan tergovchi ruh azobiga oʻtgandi. Oʻzicha marhamat qilib, yaqinlari bilan uchrashuvga ruxsat bergandi. U kun aniq esida: ellik ikkinchi yilning oʻn oltinchi avgust kuni edi. Bir necha daqiqalik diydor koʻrishuvi bir nafasda oʻtgandek boʻldi. Ayniqsa qizchasi otasining diydoriga toʻymadi. Malikaxon dadasi bilan koʻrishuvga kelganda u bilan birga qaytishni umid qilgandi. Uning jajji yuragi shu baxtga erishishni istardi. Soqchi ayriliq oni yetib kelganini bildirgach, qizcha:
-Dadajon, bugun biz bilan birga uyga ketasizmi?-deb soʻradi.

Qoʻlansa hidli va zax qamoq xonasiga qaytish uchun oʻrnidan turgan mahbus bu savolni eshiti-yu qadam bosishga holi qolmadi. Javob qaytarishga qurbi yetmadi.

Yurak-yuragini jizillatgan bu jonajon ovozni – qushchasi sayrashini eshitgani hamon yalt etib qizchasining aqlli koʻzlariga tikildi; tikildi-yu uch yoshga toʻlgan kunida oʻz quvonchini otasi bilan baham koʻrmoqqa kelgan ma’suma koʻzlarida hasrat soyasini koʻrdi. Yuragi shuv etib ketdi. Qizcha onasidan otasi qoʻliga oʻtmoq, uning qoʻllarida uyga ketmoqni istardi. Dilbandidan koʻzlarini uzolmayotgan ota, unga uzoq qarab turdi. Nihoyat, ota mehri va ardogʻini koʻrmagan goʻdakning ona qoʻllarida tolpinib aytgan soʻzlariga:
-Sal keyinroq boraman, jon qizim,-deb javob berdi.

Shu on qizginasining ingichka qoshlari birdan chimirildi, umid toʻla charos koʻzlariga gʻam toʻldi, xayr adosila silkib turgan qoʻlchasini tortib oldi.

Qizginasi ketdi! Ammo xafa boʻlib ketdi. Kim xafa qildi hali ketmon qanot boʻlmagan bu qushchani? Kim uni ota mehri va ardogʻidan mahrum qildi? Uning oʻzi singari kichkina dugonalari otalarining boʻyinlariga osilib, ota quchogʻi va qoʻllarida yayrab-yashnar ekan, uning joʻjasini kim bu baxtdan judo qildi? Axir kim uning shirin hayotini zahar qildi?

Bu savollarga aniq javoblar mavjud, ammo til izhor etmoqqa ojiz, “Hayhot, men, uning oʻz otasi, mening oʻzim!” deb sassiz na’ra tortmoqdan oʻzga chorasi yoʻq edi.

Najot bormi edi oʻshanda? Bor edi. Najot yoʻlining nomi xiyonat edi. Bu yoʻlni eslashi hamon tiriklik bilan xayrlashish arafasida turgan zaif vujudiga titroq kirdi. Atrofidagilar buni judolikdan nishona deb bilib, koʻzlariga yosh oldilar.

II

Qamoqxona. 1952 yil, 16 avgust.

Uni qattiq oʻylatgan, hayajonga solgan oʻsha kuni harkim oʻziga yarashgan yoʻl bilan ketdi: bolalari uyiga, u esa turmaga! Ammo Malikaxoni istehzo va kinoya bilan berilgandek tuyulgan oʻsha nishtarli savoli bilan koʻz oʻngidan sira ketmadi.

“Qorongʻi zulmat va qoʻlansa hidlar ichida shunchalar qolib ketganing yetar! Bas!!”

Bu ovoz qamoqxonaning tosh devorlarini jaranglatib yubordi. Bu iblis da’vati hibsga olingan kunidan beri uni ta’qib etadi. Tergovchi istagan yoʻlga tushib yurishini istaydi. Tergovchining istagi – millatchi ekanini tan olish, millatchi toʻdalarni fosh etish. Millatchi ekanini tan olishi murakkab masala emas. “Hamonki, millatchi ekansan, demak, atrofingdagi maslakdoshlaring kim, ayt ularni”, deb talab qiladilar. Soʻng hufyalari tomonidan taqdim etilgan nomlarni sanaydilar: Falonchi, Pismadonchi... ularni tuhmat chodiriga oʻrab berishi kerak...

Lekin kaltaklar zarbidan moʻmataloq boʻlib ketgan bu tanada hali oʻlmagan vijdon sadosi ham mavjud edi:

“Qilmagan jinoyatlaringga iqror boʻlsang, doʻstlaring boshiga tuhmat jandasini ilsang oʻzingga ham, bolalaringga ham jabr qilasan, xonavayron boʻlasan, to qiyomatga qadar isnoddan qutula olmaydi avloding!”

Irodasi qanchalar mustahkam boʻlmasin, vujudi naqadar azoblarga bardoshli boʻlmasin baribir haqiqatni aytishga jur'at qila olmas edi. Bu qoʻrqoqlikdan emasdi, haqiqatni aytgan taqdirda ham muddaoga yeta olmasligiga aminlikda edi.

Uning qarshisida ikki yoʻl mavjud, shu ikki yoʻldan birini tanlashga majbur: yo bor boʻlib, sharaflarga erishishi yo yoʻq boʻlib, la’natlarga koʻmilishi kerak! Yorqin erta sari intilib, bor boʻlib qolsinmi yo qora kecha sari yuz oʻgirib, yoʻq boʻlib ketsinmi?

Ajabo, qaysi biri sharafli?

Kunduz bilan kechani, oq bilan qorani farqlaganiga koʻp yillar boʻlgan. Urushdan avval qamalganidayoq koʻzi ochilgandi. Haqiqatni boʻgʻib turgan gazanda roʻparasida ojiz ekaniga ham aqli yetgandi oʻshandi. Qamalmasidan ilgari, gazandaga tigʻ sanchmoq qasdida qoʻliga nayza olgan damlarda millatni ezayotganlarni shafqatsiz yanchib, ezib tashlashni, qorongʻi zulmat va qoʻlansa hidlar saltanatidan tashqariga otilib chiqishni, munavvar zamonga yetishni orzu qilgan edi.

Orzu oʻsha yillar boʻgʻilgan boʻlsa-da, vijdon kemirilishlardan, yemirilishlardan qutilishni, sof havoni hanuzga qadar istaydi. U oʻzini hamisha bulgʻab yotgan kirlardan, boʻgʻib yotgan ogʻir yuklardan najot istaydi. Yashash qobiliyatini yoʻqotmagan, oʻlmagan vijdonning haqqoniy ovozini tinglashni talab qiladi koʻngli. Dam badam uygʻonib, xiyonatga da’vat etuvchi kuchni eng mayda, koʻzga koʻrinmas tomirlarigacha bagʻridan yulib olib, oʻz qoʻllari bilan boʻgʻib, yanchib tashlashni, tishlari bilan gʻajib oʻtga tashlashni xohlaydi.

Nimqorongʻu dahlizdan tergovga borib-kelaverganidan oʻttiz ikki qadam bosgach, yertoʻla tomon burilishini, soʻng oʻn sakiz zinani bosib pastga tushishini biladi. Tergovchining zugʻumlaridan xayolini chalgʻitish uchun qadamni ham, zinani ham sanayverardi. Boʻlmasa buning unga nima zarurati bor ekan? Hozir esa sanamadi... dahliz gʻoyatda uzun tuyuldi. Yertoʻlaga emas, lahadga tushayotganday vujudi muzladi. Soʻng... qamoqxonaning temir eshigi avvaliga yurakni ezadigan darajada gʻijirladi, ostona hatlab ichkariga oʻtgach, shiddan bilan sharaqlab yopildi. Uning nazarida temir eshik sharaqlamadi, balki mogʻor hidi anqib turgan bu zax bino tars ikkiga yorilib, ajralib, keyin shu zahotiyoq uni yutib yuborganday boʻldi. Uzunasiga uch qadam, eni ikki qadam keladigan nimqorongʻu xonada yolgʻiz qolgach, sovqotayotganday badanida titroq turdi. Aslida bu sovuq ta’siridagi tan titrogʻi emas, balki ruh titrogʻi edi.

U ichkariga ikki qadam tashlaganicha qotib turaverdi. Koʻz oldini qora parda qoplagan, nazarida oyoqlaridan jon butkul chiqib ketganday edi. U oʻzi bilmagan holda choʻka boshladi. Avvaliga choʻnqaydi, soʻng choʻkkaladi. Tizzalari muzlaganday boʻldi. Titroq kuchaydi. Keyin...

Qorongʻi xona birdan yorishib ketdi. Shunday yorishdiki, hatto koʻzlariga hech nima koʻrinmay qoldi. Nazarida, qamoqxona tomini ikki yonga surib koʻringan quyoshga qarab koʻzi qamashganday edi. Ajab, necha oylardan beri quyosh nurini koʻrmay, sogʻingan edi, endi esa qaray olmayapti... Yoʻq, bu quyoshning jonbahsh nurlari emas ekan. Dam oʻtmay xona qizara boshladi. Birpasda qondek toʻq qizil tusga kirdi-yu chayqala ketdi. Qamoqxona bino emas, balki ulkan qon dengizida qalqib turgan kema edi uning xayolida. Mavjlar bora-bora poʻrtanaga aylandi. Tiz choʻkkanicha qaltirayotgan bu odam oʻroq solingan bugʻdoy poyasiday shilt etib yonga quladi. Chakkasi betonga tegib, koʻz oldini qoplab turgan qip-qizil qon dengizi endi qop-qora zimiston chohga aylandi. U zimiston chohga goʻyo uchib tushdi. Qaltiroqlari ham qolganday, badandagi zirqiroq ogʻriq ham koʻtarilganday edi. U oʻzini goʻyo yengil his qilar, qushday uchardi.

Beliga enli kamar bogʻlagan nazoratchi uning jimib qolganidan havotirlanib, eshik tuynukchasini ochib qaradi.
-Ie, Ismoiliyning pachagʻi chiqibdi-ku? Qiziq, bugun tepki yemadi shekilli? –dedi u sherigiga oʻgirilib qarab.

Rangpar sherigi ham qaradi-da:
-Oʻlmaydi, yotaversin. Yozuvchi zotining joni qattiq boʻladi. Urushdan oldin bunaqalarni koʻp koʻrganman. Besh-oltitasini otishga oʻzim olib borganman. Choʻlpon deganlari boʻlardi, oʻz qoʻllarim bilan uchta oʻqni koʻkragiga qadab qoʻysam ham oʻlmaydi-ya, bachchagʻar! Komandirim “moʻljallab otolmagansan”, deb soʻkib qoldi. Toʻrtinchi oʻqni peshonasiga qadadim. Oʻlmas ekan-a! Koʻzlarini yumishga ham ulgurmay qoldi. Koʻzi ochiqligicha ustiga tuproq tortvordik.
-Choʻlpon dedingizmi? Bunaqalar ismni ham topib qoʻyadi-ya? Buniki Mirzakalonmi?
-Ha, mirzalarning kattakoni degani. Oʻzi kichkinagina boʻlsa ham da’vosi kattaginaga oʻxshaydi.
-Otasi shunaqa ism qoʻyganmikin yo oʻzi oʻylab topganmikin?
-Sen bilan menga buning nima farqi bor. Boshingni ogʻritma. Biz buyruq bajaradigan odammiz. “Hayda!” desalar haydaymiz, “oʻldir!” desalar jonini sugʻurib kaftiga tutqazib qoʻyamiz.

Shunday deganlaricha nari ketdilar. Qadam tovushlari aks-sado taratib uzoqlashdi. Nazoratchilar eshik tagida gaplashishgan boʻlsa-da, ularning gaplari uzoq-uzoqlardan kelganday tuyuldi. “Oʻldir!” deb buyruq berilsa bajonidil bajaruvchi nazoratchining ovozi unga yaxshi tanish. Ehtimol, yuzlarcha ovozlar ichidan ham ajratib olar. Qaysi bir kuni shu nazoratchi eshik darichasini qiyalab ochib: “Ismoiliy, zap mehribon singling bor ekan-da, qoʻy goʻshti, qoʻy yogʻidan senga plov damlab kelibdi. Hidi nafsimizni qitiqlab, oʻzimiz paqqos tushira qoldik. Bizni ochkoʻz, deb orqamizdan soʻkib yurma. Senga rahmimiz kelganidan shunday qildik. Bu qamoqda plovga toʻygan odam jonidan toʻygan hisoblanadi, koʻp yashamaydi, uyingga xat-pat chiqarsang, singlingga rahmat aytib qoʻy”, degan edi. Oʻshanda ma’suma singlisini koʻz oldiga keltirib, “Sanobar, Sanovbarim...” deganicha yigʻlab yuborgandi. Yetimlik xorligidan qochib, Toshkentga kelganidan beri kichkinagina, nozikkina jussasiga tushgan ne-ne turmush azoblari yukini ortgan singilisini koʻrgisi kelgandi. “Palov pishirib kelibdi... Tunlari bilan doʻppi tikib orttirganiga harajat qilib, besh bolasining rizqini qiyib, menga ilindimi?” deb koʻngli oʻksigandi.

Qadam tovushlari uzoqlashib tindi. Endi jim-jitlik dahshati uni oʻz chodiriga oʻrab, dahshatga soldi. Urushda ekanida, ayniqsa tong chogʻi chor-atrofni sukut qoplardi. Hatto qushlar chugʻuri ham eshitilmasdi. Bu sukunat hademay jang boshlanajagi, ariqlarda inson qoni oqajagining darakchisi edi. U qancha yotganini bilmaydi. Jim-jitlikning naqadar dahshat ekani unga ma’lum boʻlsa-da, bu safar qoʻrqdi. Bir vaqt singlisining ovozini eshitdi:
-Aka, tura qoling, shamollab qolasiz. Bugun Malikaxonning tugʻilgan kuni-ku? Hammamiz toʻplanib, sizni kutyapmiz. Kenjamga opalari yangi she’r yodlatishibdi. “Togʻamga oʻqib beraman”, deb anchadan beri intiq kutyapti...

U seskanib, boshini koʻtardi. Quloq tutdi – singlisi boshqa gapirmadi. U telba odam singari atrofga alangladi: toʻgʻrida temir karavot qorayib turibdi. Tepada xira chiroq. Bir tomonda temir panjarali darcha. Bu xonaga dastlab kirganida shu darcha unga umid darvozasi kabi tuyulgan edi. Lekin quyoshga teskari boʻlgani uchun bu darchadan oftob nuri tushmadi, umidi esa soʻndi.

U qaddini rostladi-da, muzlab qolayotgan oʻng qoʻlini, oʻng biqinini siladi. Majolsiz oyoqlarini bir-bir sudrab bosib karavotga borib oʻtirdi. Bu qamoqxona ashyolari roʻyxatida “koʻrpa” deb sharaflangan bir uvadani olib oʻrandi. Badaniga sal issiqlik yugurdi. Sovuq chekingach, endi ochlik huruj qildi.

Darchadan tushib turgan zaif yorugʻlik soʻnib, shaharning shom qorongʻuligiga choʻmganidan ogoh etdi. Tirikchilik tashvishlaridan tingan shahar ahli orom istagida, koʻp emas, ozginagina baxt ilinjida uy-uylarida oʻtiribdi. Birovining dasturxoni atrofidagi qatorda xato yoʻq, biroq, bu tun kimnidir qamoqqa olib ketishlari mumkinligi havotiri kezib yuradi. Allaqancha xonadonlar qamoqxonalardagi yaqinlari tashvishida havotirli nafas oladilar.

Uning xonadoni ham shunday...

Salkam ikki yildan beri ahvol shu...

Farzandlarini sogʻinadi, hatto Darxondagi bogʻida mevalari gʻarq pishgan daraxtlarni ham sogʻinadi. Daraxtlarning aksarini dadasi ekkan edi. Daraxtlarning barglariga qarasa, har birida dadasining chehrasi koʻringanday boʻlaveradi. Urushda ekanida ham shunday edi. Lekin undagi sogʻinch tuygʻusi oʻzgacha edi. Undan dushman oʻqidan omon qolib, uyiga eson-omon qaytishiga umid bor edi. Urushdan tirik qaytib, uyida bir soatgina boʻlsa-da, tinch yashashni orzu qilardi. Bunda esa...

Necha yildir zor-afgʻon birla oʻtmoqda tunim,
Yetmayin komimga aslo tun qora boʻldi kunim.
Ming jafo birlan ezib qalbimni, toʻkdilar xunim,
Ne qora davron ekan bu, tinglamas hech kim unim!
Xoru zorlik topdimu, xoʻrlik adosin topmadim...

Kechagina xayolida tugʻilib, xotirasiga muhrlangan, qogʻozga tushishini yana yillab kutadigan bu satrlar lablaridan beihtiyor uchdi. Hibsga olingunga qadar bir roman yozishni boshlash orzusida edi. Oʻzini qamoqqa oldilaru niyatini zanjirband etolmadilar. Qoʻlida qogʻoz-qalam boʻlmagani uchun roman satrlari xotirasiga yozilardi...

Kechki taomni berishmadi. Bermaganlari ham ma’qul boʻldi. Alhol, bir tishlam taom tomogʻidan oʻtmaydi. Tahmini boʻyicha tun yarimlaganda soʻroqqa chaqirildi. Tergovchi xonasiga kirishi bilan devordagi osma soatga qaradi: adashmabdi – tun yarmidan ogʻibdi.
-Qizingni koʻrdingmi, juda shirin ekan, Germaniyada tugʻilganmi?-dedi qoshu kiprigigacha malla tergovchi.

Qizchaning Toshkentda tugʻilganini u yaxshi bilardi. Gapni Germaniya tomon burishi esa bejiz emas, shu bahonada bir qarmoq tashlab, shu paytga qadar noma’lum boʻlgan qandaydir ma’lumotni ilintirishga umidvor edi. Necha oylar davomida uning bu qiligʻiga tushunib qolgan mahbus nayrangni anglamaganday soddalik bilan:
-Toshkentda tugʻilgan,-deb qoʻydi.
-Ha-ya, men adashtiribman. Germaniyadagi qizing eseschining tashlab ketgan xotinidan tugʻilganmidi? Ismi nima edi? Erikamidi yo Monikamidi?
-Germaniyada xotinim yoʻq edi. Gʻalabadan keyin Berlinga oilamni olib borib yashaganman.
-Buni bilaman. Lekin... ha, mayli, koʻngil degani yomon-da! Oʻshanda Berlinda Mariyka degan ofatijon qoʻshiqchi boʻlardi. Qizingning ismini oʻshaning sharafiga qoʻyganmisan? Gazandalarning san'atiga shunchalik ishqibozmiding?
-Qizimning ismi Mariyka emas, Malikaxon. Berlin qaerdaligini bilmaydiganlar ham qizlariga shunaqa chiroyli ism qoʻyadilar.
-Menga aql oʻrgatyapsanmi? Podshoning xotinini “malika” deyishganini bilmaydigan ahmoqqa oʻxshaymanmi? Sen esa... podsholik zamonini qoʻmsayotganingni tan olib qoʻya qol.

Yangi ayb sirtmogʻi tasodifan yasaldimi yo oldindan tayyorlab qoʻyilganmidi, anglay olmadi. Bu kabi qaltis savollarga javob bermaslik rizolik alomati sifatida hujjatlarda qayd etilishini bilgani uchun ham jim turolmadi:
-Menda hech qachon bunday fikr boʻlmagan.
-Fikr boʻlmasligi mumkin, lekin istak va xohish mavjudligi aniq. Qoʻqon muxtoriyati uchun jon berishga tayyor Abdulhamid Choʻlpon ustozing emasmidi? Nahot, gʻoyalarini sen bilan baham koʻrmagan boʻlsa?
-Biz bu haqda gaplashmaganmiz. Gaplashganimizda ham men xonlikni tiklashga qarshi fikr aytgan boʻlardim. Yetimlik jabrini totgan odam podsholik nonini qoʻmsay olmaydi hech qachon.
-Yetimxonada oʻsganing seni bu ishda ma’lum balolardan saqlab qolishi mumkin. Sen ayyorsan, Ismoiliy, buni yaxshi bilasan, har safar menga roʻpara boʻlganingda buni ta’kidlaysan. Toʻgʻri, senga “boyning bolasi”, degan aybni qoʻya olmaymiz. Lekin... amakingning Ukrainaga quloq qilinganini ham e’tibordan soqit qilmaymiz. Sening yetimxonada tarbiya topganing tarozuning bir pallasiga, bu dalil esa ikkinchi pallasiga qoʻyilsa, qay tomoni bosib ketadi, bilmaysanmi? Yetimxonada oʻsgan boʻlsang, yetimlikning achchiq qismati senga ma’lum boʻlsa, nima uchun farzandlaringni bu baloga oʻzing roʻpara qilyapsan? Ertami-indinmi xotining ham qamalsa, bolalaring qaerda sargʻayishadi?

Qismatida shunday azob boʻlishi mumkinligini koʻngli sezayotgandi. Ammo xotinining siyosat u yoqda tursin, adabiy jarayon ishlariga ham farqsizligi, hech bir ishlarga, yigʻinlarga aralashmasligi uning koʻnglini hotirjam qilib turardi. Tergovchining hozirgi gapi qalbini tilib-tilib tashlaganday boʻldi. Aybsiz va mushtipar bir ayolni tuhmat zanjiriga oʻrab tashlash bular uchun gʻoyat oson ish ekanini bilmaganida bu tahdidga ahamiyat bermasa boʻlardi. “Xotiningni qamashimiz mumkin”, dedimi, demak, qaytmaydi bu razillikdan. Ahdida turib Zuhrahonini qamagan taqdirda bolalari koʻchada qolmaydi, yetimxonada ham sargʻaymaydi. Sanobari oʻzining besh bolasi qatoriga olti jiyanini qoʻshib, oʻzi yemasa ham yediradi ularga, kiymasa ham kiydiradi. Bu jihatdan uning koʻngli toʻq. Ammo buni tilga koʻchira olmaydi. Agar singlisidan umidvor ekanini bu malla tergovchi sezib qolsa mushtipar Sanobarning payiga ham tushishi hech gap emas.

Uning oʻylanib qolganini koʻrgan tergovchi buni yaxshilikka yoʻyib, endi yumshoqroq ohangga koʻchdi:
-Ismoiliy, sen boshqalarga oʻxshagan johil emassan. Tolstoyni tarjima qilgan odamsan. Tolstoyni bilgan odamning dunyoqarashi boy boʻladi. Sen oʻzingni qiynama. Men sezib turibman, haqiqatlarni anglaging kelyapti-ku, lekin yuragingda kulcha boʻlib yotgan millatchilik gazandasi oʻz qora gavdasi bilan toʻsqinlik qilib ongingni xiralashtiryapti. Dushman tegirmoniga suv quyayotganingni sezmayapsan. Oʻzbekistonni sevishingni aytyapsan. Xoʻp, men bu tuygʻularingga ishonay, lekin dollar Amerikasining ityalogʻi Vali Qayumxonni unutolmasligingni ham bilaman. Agar unga muhabbating boʻlmaganida suratini Berlindan olib kelib, uyingda saqlamas eding. Kecha Gitlerning yalogʻidan yuvindi ichgan odam bugun Trumenga yaltoqlanib, senga qanday ozodlik berishi mumkin? Eronga yoki Hindistonga oʻxshagan xarobazorga aylantiradi, boshqacha boʻlishi mumkin emas!

Bunga oʻxshagan gaplarga uning toqati yoʻq edi. Shu bois egik boshini koʻtarib, xazin ovozda:
-Nima qilishim kerak?-deb soʻradi.
-Bu savolni birinchi uchrashuvimizda soʻrashing kerak edi. Haqiqatni anglashing uchun juda uzun kunlarni sarfladim. Agar astoydil soʻrayotgan boʻlsang aytaman: kunduz bilan kechani, oq bilan qorani farq qilish payting keldi. Yo millatchilik gazandasini ardoqlab sharafsiz kurashda yoʻq boʻlib ketasan yo boʻlmasa u gazandani oʻzingda va oʻzingdan tashqarida shafqatsiz yanchib, ezib tashlaysanu ozodlikka chiqasan. Bolalaring bagʻriga borasan.

Ozodlik havosi... Koʻksida hamisha quyosh charaqlab turgan yorugʻ dunyoga, chaman gullar atri burkab turgan hayotbahsh sarin sabohga chiqish – yangidan tugʻilish demak! Bor boʻlib qolish demak! Kim istamaydi bu saodatni?

Lekin bu saodat nimaning evaziga nasib etarkin?..
-Qaroring qat'iymi?

U hech qanday qaror qabul qilmagan, va’da ham bermagan edi. Tergovchi nimani nazarda tutyapti? “Ha, men millatchiman! Ha, men xalq dushmaniman!” deb yozib bersa kifoyami? Shu fikr ogʻushida bosh silkib, tasdiq ishorasini qildi.
-Ismoiliy, bir narsani tushun: yigirma besh yillik ozodligingni oʻzing toptamoqchi boʻlyapsan. Agar buni anglab yetgan boʻlsang, tamom, millatchilik gʻoyalaring bilan hatto bir lahza ham koʻrishmaydigan dushman boʻlishing kerak. Sening bugungi ahding, qaroring oʻzgarmas ahd, oʻzgarmas qaror – qat'iy qaror boʻlishi shart! Olti bolangning nomini tilga olib qasam ichishing kerak.

Qasam ichish... Yana olti bolani oʻrtaga qoʻyib-a?! Qanday qasam bu? Qaysi doʻstlarimga xiyonat qilishim kerak boʻladi?
-Nima deyishim kerak?-deb soʻradi xasta ovozda.
-Demaysan, yozib berasan. Gaplarimni diqqat bilan eshitib xonangga qaytasan-da, ertalabga qadar yozib, menga topshirasan. Kelishdikmi?

U yana ovoz chiqarmay tasdiq ishorasini qildi. Tergovchi ukki koʻzlarini unga tikkanicha dona-dona qilib gapira boshladi:
-Jonajon Vatanim oldida, shonli sovet xalqim oldida, gunohsiz bolalarim oldida qilgan oʻz jinoyatlarimni, shuningdek, boshqalarning menga ma’lum boʻlgan jinoyatlarini katta-kichikligiga qaramay, oqizmay-tomizmay, zarracha ham qoldirmay, bir-bir aytib beraman. Men chin qalbimdan istaymanki, meni togʻ vaznila bosib yotgan jinoyatlrim yelkamdan qulasin, qaddim rostlansin, millatchilik kabi eng qabih marazdan vujudim soflansin, toki umrimning qolganini sotsialistik Vatanimga, sovet xalqimga oxirigacha sadoqat va muhabbat bilan quvona-quvona xizmat etishga bagʻishlay! Shuning uchun men sizni, Aleksandr Aleksandrovich, siz orqali Davlat havfsizlik organlarini ishontirib aytamanki, badanda paydo boʻlgan rakni koʻringan yerida kesib tashlash bilan shifolash mumkin boʻlganidek, la’nati millatchilik gazandasidan ham dastavval shu yerda, Davlat havfsizligi organida, barcha jinoyatarga iqror boʻlish, barcha savollarga toʻgʻri va asosli javob berish bilan, millatchilikka qarshi gʻazabli va amaliy kurash ochish bilan qutilish mumkin. Men shunday qilajakman!

Tergovchi boshqalarga ham shunday qasamyod yozdirganmidi, har holda gaplarida tutilmadi. Boshini egganicha tinglayotgan mahbusdan koʻzini olmay undan sado kutdi.

Mirzakalon hozir goʻyo boshqa olamga koʻchgan edi. Tergovchi sharmandali qasamyod matnini aytish bilan goʻyo uni isnod botqogʻiga tashlab, boʻgʻa boshlagan edi. “Ha” deyishga ham, “yoʻq” deyishga ham qurbi yetmay qolgandi.
-Sen iste’dodli yozuvchisan. Qolgan-qutganini oʻzingdan qoʻsh. Shunday yozginki, mening rahbarlarim ham qoyil qolishsin.

Shunday deb qogʻoz-qalam uzatgach, nazoratchini chaqirdi.

Qanday yozsin buni? Koʻz yoshlarini toʻkib yozsinmi yo qon yoshlarinimi?

Ongi oʻjarmi, qalbi oʻjarmi? Yoki ularga boʻysunishi lozim boʻlgan qoʻli oʻjarmi?

Vaqt oʻtyapti. Tongda qasamyod matnini tergovchiga topshirishi, soʻng shu ahdga koʻra xiyonatini boshlashi kerak. Bu balki unga berilgan soʻnggi imtiyozdir? Ertalabga qadar qasamyodini yozib bermasa, peshinga qolmay xotinini hibsga olarlar?..

Temir karavotga, uvada koʻrpa ustiga emas, zax betonga bagʻrini berib yotib oldi.

Bir mahal ongini xayrli fikr yoritib oʻtdi-yu, qaddini koʻtardi. “Qasamyodni emas, boshimdan oʻtganlarni yozaman. Bu yerlarda oʻlib ketsam, qachonlardir avlodlarimdan biri topib oʻqiydi, mening azoblarimdan xabar topadi”, deb oʻyladi.

Oh, u yetimlik...

Bu qarori barcha oʻjarliklarini chekintirdi. Qasamyod yozishi lozim boʻlgan qogʻozda dastlabki satrlar paydo boʻldi:

“Oʻsh. Yetimxona. Es-es bilishmcha, onadan uch yo toʻrt yoshimda yetimcha qoldim. Onam qashshoqlik azobiga va rahmsiz er zulmiga chidash bermay, yosh oʻlib ketdi. Men, xolamlarning aytishlariga koʻra, Oʻshda tugʻilgan ekanman. Otam Oʻshga yaqin boʻlgan Buloqboshi qishlogʻida dehqonchilik qilar edilar. Oʻn bir yoshimga qadar oʻgay ona va mehrsiz ota tepkisini yeb oʻsdim va yigirmanchi yilda yuz-qoʻllarim kir, ust-boshim yirtiq, oʻzim xarob va bitliq holda uydan qochib, Oʻshga keldim-da, yetimxonaga kirib oldim...”

“Rahmsiz er”, “mehrsiz ota” soʻzlarini yozayotganida qoʻllari bir titrab oldi. Toʻgʻri, rahmatli otasida berahmlik illati mavjud edi. Ammo har na qilsa ham Ismoilxoʻja otasi edi. Hazrat Navoiyning “Munshaot”idagi bir toʻrtlik yodida qolgan edi:

Atodin xato kelsa koʻrma xato,
Savob bil xato qilsa dogʻi ato.
Atoning xatosini bilgil savob,
Seni yuz balodin qutqargʻay Xudo...

Bu hikmatni hamisha dilida saqladi. Otadan koʻrgan zulmi uchun hech qachon malomat qilmadi. Otasining goʻri sovumasdan turib u qora kunlarni eslashi ichini yondirdi. Ammo na iloj, ukasi quloq qilingan odamni yaxshilik bilan tilga olishi ularga yana bir yangi ayb sirtmogʻi yasashga bahona boʻluvi mumkin edi. Aslida uydan qochishiga faqatgina otasining berahmligi sabab boʻlmagandi. Asosiy maqsad – oʻqish, ilm olish edi. Agar otasining kaltaklaridan bezib Buloqboshidan Oʻshga qochib borsa, xolalari uyidan panoh topib yashayvergan boʻlardi. Singlisini ham olib kelardi. Lekin bu yerda yashab bilim olishi mushkulroq edi...

Nimqorongʻi qamoqxonada titroq qoʻllari bilan qalamni mahkam ushlaganicha shularni oʻylab yurak-yurakdan Xudoga yolborib tavba qildi. Otasining ruhidan ham uzr soʻradi-da davom etdi:

“Yetimxonada meni darhol choʻmiltirdilar, egnimga toza koʻylak, oyoqlarimga men umrimda koʻrmagan chiroyli botinka berdilar. Men endi oʻgay onaning burash va qargʻishlaridan, qashshoq va xasis otaning bir turtib bir burda non berishlaridan qutilib, derazalari katta, yorugʻ, issiq va toza uyda, oʻzim kabi kichkina va baxtiyor bolalar qatorida, yayrab-yashnab, yangicha hayot kechira boshladim. Men yosh va savodsiz edim. Oʻqish-yozishni shu yerda, yetimxonada oʻrgandim. U vaqt shaharda Sovet hokimiyati mavjud boʻlsa-da, hali u yosh, kuchsiz edi. Tevarak-atrofda qaynashgan bosmachilar tez-tez shaharga bostirib kirishar, sovet xodimlarini, yangilik tarafdorlarini tutib oʻldirishar edilar...”

U kitoblar, gazet-jurnallarda yozilaverib odat boʻlib qolgan gaplarni qogʻozga beixtiyor tushira boshlagan edi. Millat ozodligi uchun jon fido qilgan oʻgʻlonlarni “bosmachi” deb atash naqadar adolatsiz ekanini qamoqqa tushmasidan avval ham yaxshi bilardi. Biron-bir maqolasida oʻsha damlar voqealari tilga olinishi shart boʻlsa, bu sharmandali atamani yozishdan oʻzini tiyishga harakat qilardi. Hozir esa... sharoit boshqa. Bu satrlar necha yillardan soʻng avlodlar nazariga tushsa, ahvolni his qilib tushunishar, aybini kechirishar. Avlodlar kechirsa, Xudo ham kechiradi... Shu ilinj unga dalda berdi.

Aslida esa... hozirgina yozgan vahshiyliklarga oʻzi guvoh boʻlmagan. Guvoh boʻlgani voqea oʻzgacha, uni yozmoq lunjini shishirib chaqmoqqa shay boʻlib turgan ilonga tayyor yemish boʻlish bilan barobar edi.

Yetimxonalariga kirib kelgan odamni el orasida “Amiralmuslimin Muhammad Amin Bek” deb ardoqlashardi. Bu odam qaerga borsa osoyishtalik qaror topar, chiqib ketgach, besaranjomlik, talon-taroj boshlanardi. Uning Oʻshga kecha oqshom kirib kelgani haqidagi xabardan shoʻrolar yetimxonasining tarbiyachilaridan tortib, bolalargacha eshitishgan edi. Shu bois uning kirib kelishi, ayniqsa tarbiyachilarga, tasodifiy hol boʻlmadi. Bu kishining avval ham kelganini Mirzakalon keyinroq oʻrtoqlaridan eshitib bildi. Oʻsha kuni esa... Koʻchada oq otidan tushib, yetimxona hovlisiga kirib kelgan, egniga harbiycha kiyim kiygan xushroʻy kishiga ajablanib qaradi. Keyin uning yonidagi kishini tanidi: Xolxoʻja! Dadasining ulfati. Koʻrdi-yu, choʻchib tushdi. Xolxoʻja ham Mirzakalonni koʻrdi, tanidi, ammo “Nima uchun sen bu yerda yuribsan?” demadi. Tarbiyachilar bolalarni bir safga tizdilar. Mirzakalondan avvalroq bu yerga kelgan bolalardan bir nechasi tarbiyachilari oʻrgatgan, shoʻrolarni maqtovchi she’rlarni yodlab berdilar. Amiralmuslimin qoshlarini chimirsa ham indamay eshitdi. Bolalardan ikkitasi turkcha ashula aytishganda ham undan sado chiqmadi. Mirzakalon uning bu holatini oʻsha onda anglamagan edi. Buni ancha keyin tushunib yetdi. Oʻshanda amiralmuslimin bolalarga qarab turib:
-Jonimiz fido boʻlsin, sizlarga!-dedi. Keyin nasihat qildi:-Bu kunlar oʻtib ketadi. Sizlar hech narsaga qaramay oʻqinglar. Faqat oʻqinglar. Millatimiz qaddini biz qilich bilan koʻtara olmaymiz. Sizlar ilm bilan koʻtarishinglar kerak. Tarixni oʻqing-da, ibrat oling: kuchli davlatlarni ilmsizlik barbod etgan. Ilmsizlik bizning millatimiz qaddini egib qoʻygan. Bir soatlik ilm oʻrganish bir kechalik nafl ibodatidan, bir kunlik dars uch oylik nafl roʻzasidan afzalligini Paygʻambarimiz alayhissalom aytganlar. Ilm olayotgan talaba uchun hamma narsa – hatto dengizdagi baliqlar ham gunohini soʻrab, istigʻfor aytadi. Bu dunyodagi ilmdan boshqasi – savatdagi suvning oʻzi ekanini shu yerda anglab yeting. Kimki hayoti shamini ilm nuri bilan yoqa olsa hayoti asrlar boʻyi soʻnmaydi. Bizning bobolarimiz shunday boʻlishgan...

Nimqorongʻu qamoq xonasida oʻtirgan Mirzakalon alhol bu gaplarni shunchaki eslamadi. Nazarida amiralmusliminning jarangdor ovozi bu sovuq toshlarga urilib aks-sado berganday boʻldi. Yuragi ezildi. Bu gaplarni yoza olmaydi. Bu tarix zarrasini oʻzi bilan olib ketadimi?

Kishan, gavdamdagi izlar bukun ham bitgani yoʻqdir!

Temir barmoqlaringning dogʻi butkul ketgani yoʻqdir.

Na mudhish, na sovuq-manxus, na qizgʻanmas quchogʻing bor!

Bashar tarixining har sahfasida qonli dogʻing bor!

Yakka holda azobli tunu kunlarni oʻtqazishga moʻljallangan bu qamoq xonasida yolgʻizlikni yengishning birdan-bir yoʻli totlimi yo noxushmi, qanday boʻlsa boʻlsin, xotiralar bilan oshno tutinishdir. Oylar davomida Mirzakalon bunga koʻnikkan. Qalbi nimta-nimta boʻlib ketay deganda ba’zan koʻz oldiga ustozi keladi. Ba’zan esa uning jarangdor, shiddatli ovozi quloqlari ostida jaranglaydi. Hozir ham shu takrorlandi - shoirning ovozi yetimxona taassurotlarini sal nari surganday boʻldi:

Yumilmas koʻzlaringning har biri bir elni qahr aylar,
Faqat bir borligʻingdirkim, butun borliqni zahr aylar!
Qulf birlan sening erkingda koʻp yillar qolib ketdim...
Faqat har tebranishdan qutulishlikni umid etdim.

Oh, umid... umid... Bunchalar bevafo boʻlmasa! Yurakni aldashni bunchalar suymasa!

Kishan, gavdadagi dogʻing xanuz bitgani yoʻqdir,

Faqat butkul qutulmoqqa umidim endi ortiqdir!..

Kishanlangan umid ustozni ne kuyga soldi? Uning oʻzini qayga boshlaydi? Bu yozuvlari umidiga quvvat bera oladimi yo turmada sharafsiz oʻlim topganlar qatorida tarixning unut satrlariga aylanadimi?

Yoʻq! Bunday boʻlmasligi kerak! Uni millatchilikda ayblashdi. Soʻzning ma’nosini durust anglamaganliklari uchun unga va oʻnlarcha ziyo ahliga shunday da’vo qilishyapti. Holbuki, millati uchun juda koʻp xizmat qilgan odam ijobiy ma’noda “millatchi” sanaladi. Oʻzga millatni la’natlaydigan toifa esa butkul boshqadir. Undaylar chindan ham la’natga loyiqdir. Mirzakalon oʻzini bunday toifada koʻrmaydi, alhol millatimga yetarli xizmat qila olmadim, deb oʻkinadi. Bir qaraganda qirq ikki yillik umrda koʻp xizmat qilish mumkin emasday tuyuladi. Aslida esa olamjahon ishlarni amalga oshirish ham mumkin. Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Choʻlpon shunday emasmidilar? Ajab, ular ham shu yoshda qamoqxonada oʻtirgan edilar. Taxminan shu yoshda tarixning sharafli sahifasiga aylangan edilar. Ha, ha, aynan sharafli sahifasi! Toʻgʻri, bu kunlarda ularning nomlarini tilga olishga qoʻrqyaptilar. Ammo qorongʻi kunlarning ham oxiri boʻladi-ku?

Shu kabi fikrlarga bir oz chalgʻigach, u xayolini yigʻib oldi-da, yana qogʻoz ustiga egildi, tergovchining koʻngliga yoqadigan tarzda davom etdi:

“...Bu hol odatga kirib qolgan ekanmi, bilmadim, muallimlarimiz bosmachilarning bu xil vahshiyliklarini qoralamas, sira pinaklarini buzmas edilar. Ularning erta-yu kech qiladigan ishlari yetimlarga turk ashulalarini oʻrgatishdan va turkcha komanda berib bizni mashq qildirishdan iborat boʻlar edi. Bizga “Sanjogʻimiz”, “Chanoqqal'a” kabi turk ashulalarini oʻrgatganlari esimda.

Yetimxonaga ba’zan Tulu afandi bilan Shahidiy afandi degan ikki zot kelar edi. Bularning birinchisi oʻshlik millatchilardan boʻlsa, ikkinchisi asir tushgan turk zobiti edi. Shahidiy afandi muallimlar, tarbiyachilar va katta yoshli bolalar bilan Turkiya haqida, turk askarlarining dovyurakligi haqida, bizlarning ham “turk jujuqlari” ekanimiz haqida suhbat oʻtkazardi. Men kichik yosh boʻlganim uchun ular davrasiga kirmas, agar gaplarini eshitsam ham baribir, tushunmas edim.

Yetimxonada ikki yil tarbiyalandim, xat-savodim chiqdi, oqu qaroga ozmi-koʻpmi tushunadigan boʻldim. Izzat Sultonov bilan shu yerda tanishdim, u ham yetimxonada tarbiyalanar edi.

1922 yil keldi. Meni shu yili Toshkentga, Oʻlka oʻzbek erlar bilim yurtiga oʻqishga yubordilar...”

Jumlaga nuqta qoʻyib yana oʻylanib qoldi: Tulu va Shahidiy afandilar nomlarini zikr etishi toʻgʻri boʻldimi yo notoʻgʻrimi? Shahidiy afandining Turkiyaga qaytib ketganini, Tulu afandining esa Munavvar qorilar safida qamoqqa olinganini eshitgan edi. Demak, ularga bu idora zulm oʻtkaza olmaydi. Demak, bu oʻrinda sotqinlik yoʻq.

Afandilarning suhbatlarini eshitganida chindan ham koʻp narsalarni tushunmas edi. “Sanjogʻimiz”da nima uchun Turkiya bayrogʻini sharaflayotganini ham anglamasdi. Bir kuni tarbiyachisidan “Chanoqqal'a”ning ma’nosini soʻraganida “Turkiyaning Chanoqqal'a degan joyida katta urush boʻlgan, dunyoning barcha mamlakatlaridan borgan yoshlar kofirlarga qarshi urushishgan. Ikki yuz mingdan oshiq yosh yigit shahid boʻlgan. Tulu afandi bilan Shahidiy afandilar oʻsha janglarning sharafli qahramonlaridan sanaladi”, deb tushuntirgan edi.

* * *

Tong otib, uni yana tergovga chorladilar. Tergovchi niyatiga yetgan xushnud odam chehrasi bilan uni qarshiladi. Mirzakalon uzatgan qogʻozni olib, dastlabki satrlarga koʻz tashladi-yu, yuzini burishtirdi: -Yana yetimxonami? Bundan boshqa gaping yoʻqmi? Menga nimalarni yozib kelding?
-Aleksandr Aleksandrovich, iltimos, oxirigacha oʻqing. Ikki qatordan iborat tavbani yozishim qiyin emas. Lekin tunda bergan topshirigʻingizdagi “oʻz jinoyatlarimni, shuningdek, boshqalarning menga ma’lum boʻlgan jinoyatlarini katta-kichikligiga qaramay, oqizmay-tomizmay, zarracha ham qoldirmay, bir-bir aytib beraman”, degan ta’kidingiz menga juda ma’qul boʻldi. Agar topshirigʻingizni bekor qilmasangiz, men shu uslubda batartib davom etsam. Millatchilik gazandasiga qachon va qanday qilib boʻyin egib qolganimni oʻzim ham tushunib yetishim kerak.

Tergovchi bu gapni eshitib, unga tikilib qaradi-da, bosh chayqadi:
-Ayyorsan, Ismoiliy, juda-juda ayyorsan. Vaqtni choʻzib foyda topmoqchimisan? Yaxshi, kamerada uzoqroq yolgʻiz oʻtirging kelayotgan boʻlsa, oʻtiraver. Men shoshilmayman,-deb yana qogʻozga koʻz yugurtirdi. Bayonni oxirigacha oʻqigach, qogʻozni ikki buklab, stoli ustiga tashladi.
-Hech qanday yangilik yoʻq! Menga oʻttiz yil oldingi turk afandilaringning keragi yoʻq! Sultonoving ham kerakmas. Menga ustozingni gapir, uning oʻzingga oʻxshagan izdoshlarini ayt.

Tergovchi oʻrnidan turib, asabiy ravishda xona boʻylab yura boshladi. Bunday yurishlarning oqibati kaltak zarbi boʻlardi. Bu safar ham Mirzakalon uning musht tushirishini yoki tepib qolishini kutdi. Ayniqsa orqa tomoniga oʻtganida gardanidan zarba yeyishga shay turdi. Tergovchi urmadi. Deraza yaqiniga borib, tongni kutib olayotganday tashqariga uzoq tikildi. Soʻng nazoratchini chaqirdi. Mirzakalon oʻrnidan turib, qoʻllarini orqaga qilganda “Mening sabr-toqatim chegarasining naqadar mustahamligini sinab koʻrishga urinma”, deb qoʻydi.

Qamoq xonasiga qaytib, uvada koʻrpa ustiga choʻzilib yotganda eshik darchasi ochilib, unga bir dasta qogʻoz uzatdilar. Tergovchining bu marhamatidan ajablandi: oʻz istagingcha yozsang yozaver, dedimi yo oʻzi istagan tavbani yozib berishini talab qildimi? Mirzakalon qancha oʻylanmasin, tergovchining xohishini anglay olmadi. Oxiri, xotiralarini qogʻozga tushirishni davom ettirmoqqa ahd qilib, qoʻliga qalam oldi. Tunda uxlamagan boʻlsa-da, uyqusi kelmadi... Xayolidagi gaplarni qogʻozga tushirishga darrov kirisha olmadi. Chunki bilim yurtida unga oqu qorani ajratishni oʻrgatgan ustozlarning aksari bu idoraning hukmi bilan oʻldirilgan boʻlsalar-da, to hanuz qora roʻyxatda turardilar. Bular haqda iliqroq gap aytishning sira imkoni yoʻq edi. Ammo ularni ustoz sifatida tilga olmaslikning iloji ham yoʻq edi. Oʻylay-oʻylay, yigirmanchi-oʻttizinchi yillar matbuoti bu sharafli zotlarni qanday ayblagan boʻlsa, oʻshalarning tili bilan zikr etishni lozim topib, ularning pok ruhlari qarshisida yana bir tavba qildi-yu, yoza ketdi:

“Millatchilik beshigi”

“Toshkent, bilim yurti. Men bilim yurtida olti yil oʻqib, uni 1928 yilda bitirdim. Bu yillar natija e’tibori bilan hayotimda achchiq, quyqim qoldirib ketdi. Men hali yosh, gʻoʻr edim. Tevaragimda koʻrgan narsalarimga tanqid koʻzi bilan qarashni bilmas, men ularni tayyor holicha, boricha qabul qilar edim. Tevaragimda esa Abdulla Avloniy, Qayyum Ramazon, Sobir Qodiriy, Nosir Saidiy, Olim qori Usmonov kabi ashaddiy millatchilar bor edilar...”

Bu zotlarni “millatchi” atamasining asl ijobiy ma’nosida, millat ravnaqi uchun astoydil xizmat qilganlar sifatida zikr etib, koʻngli bir oz taskin topdi. Mayli, tergovchi oʻz istagicha talqin etaversin, ammo bu zotlar millat uchun koʻp xizmatlar qilgan edilar. Ayniqsa, Abdulla Avloniy... Toshkent jadidlarining peshqadamlaridan. Jadidlar millat jaholatidan yigʻlar edilar. Millatning xorligini faqat va faqat ilmsizlik balosida deb bilardilar:

Marizing bir tarafdin, bir tarafdin xorsan millat,
Badandin qon oldirgʻuvchi bemorsan millat...

Abdulla Avloniy bu satrlarni koʻz yoshlari bilan yozgan damlarida Mirzakalon hali tugʻilmagan edi. Shoirning dovrugʻini yetimxonada eshitgan, uning “Turkiy guliston yoxud axloq” asari yordamida savod chiqargan edi. Toshkentga kelib, bilim yurtida bu zotdan tahsil olishini eshitganda naqadar quvongan edi! Muloyim tabiatli, choʻqqisoqol, yuzidan nur yogʻilib turuvchi bu muallimni hamma yaxshi koʻrardi. Ayniqsa nafis adabiyotga mehri baland boʻlgan Mirzakalon uning darslarini orziqib kutardi. Oʻsha yillari she’riyatda “futurizm” nomi bilan tugʻilgan yangi oqimga tushunmay savol soʻraganida “Bu oqim Italiyada tugʻilib, Ovrupo tomonlarda dovdiray-sovdiray, soʻng biz tomonlarga adashib kelib qolgan. Oltoyning she’rlarini oʻqisangiz, bas, oʻsha ijod futurizm samarasi”, dedi. Mirzakalon “Tirr...tirrr... kelayotir... traktor...” deb zinapoya usulda yozilgan she’rlarni oʻqigan, biroq, ma’nosiga, ayniqsa, shoirning maqsadiga tushunmagan edi. Yana bir darsda bu xususda soʻraganda ustoz uning qoʻliga kitob berib, “oʻqing”, dedi. Mirzakalon oʻqidi, ajablanib, koʻzlarini pirpiratganicha ustoziga qarab turaverdi.
-Yana tushunmadingizmi?-dedi ustoz miyigʻida kulib.
-Ustoz, siz menga she’r oʻqitmadingiz, kitobning mundarijasini oʻqitdingiz-ku?
-Ha, balli, futurist shoirlarning she’rlari xuddi shunga oʻxshash, sarlavhasi bor-u, ma’nosi yoʻq. Sarlavhasiga qarab ma’nosini oʻzingiz topib olishingiz kerak. Hazrat Navoiydek shoirlari bor millat uchun bu she’r usuli sharmandali bir holdir...

Shunday donishmand va beozor odamning ham nomini tilga olish mumkinmas. Qodiriy, Choʻlpon, Fitrat ustozlar-ku, bu zolim idoraning hukmi bilan otilgan edilar. Oʻz vaqtida “qizil professor” degan nom bilan sharaflangan, soʻng sovetlarning nayrangli siyosatini anglab, chetga chiqqan Abdulla Avloniy Stalinning ajal tigʻi qoʻzgʻalmasidan ilgari xastalikka chalinib, vafot etgandi. Agar oʻttiz yettinchi yilda tirik boʻlganida birinchilardan boʻlib bu tigʻga roʻbaroʻ boʻlishi aniq edi. Oʻlib ham qutilmovdi bechora, nomi baribir qora roʻyxatga kiritildi. Oilasiga berilayotgan nafaqa bekor qilindi...

“Bugun “qora roʻyxat” deb anglayotganimiz, ertaga avlodlar tomonidan oltindan afzal, deb e’zozlansa, ne ajab?” – xayoliga kelgan bu fikrdan mamnun boʻlgan Mirzakalon yozishda davom etdi:

“Millatchilar ilhomchisi va ularning sodiq jarchisi Choʻlpon, Botu, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Shokir Sulaymon, Elbek va boshqalarning kitoblari hamisha qoʻllarda, tillarda edi. Ularda talqin etilgan fikrlarning asl ma’nolariga va zamirida koʻzlangan maqsadlarga u vaqt oʻzimda boʻlgan zaif ong va sayoz bilim bilan lozimiy qadar tushina olmasam-da, ularni oʻqir ekan, zavqlanmas edim, deya olmayman, zero, atrofimda koʻrib va eshitib turganlarim, umuman bilim yurtini oʻrab turgan muhit kitob sahiflaridan kam farq qilar edi. Men buni keyincha, Bilim yurtini bitirganimdan ancha keyin, ochiq-oydin tushundim. Natijda men ham ashaddiy millatchilar: Sobir Qodiriy, Nosir Saidiy, Olim qori Usmonov kabi direktorlar, Qayum Ramazon, Abdulla Avloniy, Nuriddin Xudoyorxonov kabi muallimlar tebratgan millatchilar beshigida tarbiyalanganlardan biri boʻlib chiqdim. Men endi Bilim yurtida boʻlib oʻtgan voqealarni va ularning menga qanchalik aloqasi borligini eslatib oʻtmoqchiman:

Yigirma ikkinchi yo yigirma uchinchi yil boʻlsa kerak, Bilim yurti devorlari orasida birdan shov-shuv koʻtarildi:
-Turkiyaga talabalar yuborilar ekan! Yildirim ketarmish!..

Ammo turk zobitlari ta’siri va tarbiyasi ostida Toshkentda turiboq turk boʻlib olgan Yildirim – Imomxon Husanxoʻjaev hazillashib oʻqtalgan ov miltigʻidan otilgan oʻq bilan Turkiyaga emas, toʻgʻri qabristonga joʻnatildi. Turkiyaga sotqinlik va pastkashlik bilan sajda qilgan millatchilar, qora orzulariga yetolmay, goʻr ustida: “Millatning yorugʻ va umidli yulduzlaridan biri bevaqt soʻndi!” deb aza tutdilar. Men esam oʻz ona-Vatanini tashlab, oʻzgalar yurtiga ketishning naqadar qabihligini, toʻgʻrirogʻi, katta jinoyatligini anglamaganim holda, orzusi ushalmay qolgan yosh yigitning fojiona tugalishiga qattiq achindim.

Oradan yillar oʻtdi. Yetimligimni, orqadan yoʻqlab kelguvchim boʻlmaganini koʻrib, Bilim yurti muallimlaridan Leon Bernardovich Gintillo degan keksa bir kishi meni oʻziga asrandi oʻgʻil qilib oldi. Darhaqiqat, qashshoqlikdan umr boʻyi chiqmay, otasidan meros boʻlib qolgan toʻrt tanob yerda unimsiz mehnat bilan roʻzgʻorini tebratolmay xunob boʻlib yotgan otam, uydan qochib ketganimda; “Bolam nima boʻldi ekan?” deb izlamadigina emas, haliga qadar hatto bir enlik xat bilan ham yoʻqlamadi. Balki, bu qashshoqlik natijasi emas, diydasi qattiqlik oqibati boʻlgandir?

Gintillo mening oʻqishlarimga, moddiy ehtiyojlarimga yordam bersa ham siyosiy ongimning oʻsishiga, toʻgʻri sovet yoʻlidan borishimga dalda beradigan yaxshi oʻgitlar, foydali nasihatlar qilmas edi. Men tamoman oʻz ihtiyorimga, Bilim yurtida hukm surgan zararli muhit ixtiyoriga tashlab qoʻyilgan edim. Turkistonlik bir talaba (oti esimda yoʻq) imomgarchiligida koʻplashib namoz oʻqigan kezlarimiz ham boʻlganini eslasam, hali aqlini tamom tanib olmagan shoʻring qurgʻur kichkina bolaning bir yoqdan islom, ikkinchi yoqdan millatchilik omburi mahkam qisib olganini koʻz oldimga keltiraman”.

Tergovchining koʻnglini rohatlantirishi mumkin boʻlgan bu satrlarning e’tiborsiz qolishini bilsa ham yozaverdi. Agar bu gaplar havfsizlik idorasiga oʻttizinchi yillarda yetkazilganda qimmatli ma’lumot sifatida qadrlangan boʻlardi. Hozir tergovchi bu satrlar yozilgan qogʻozlarni gʻijimlab tashlashi yoki yoqib yuborishi ham mumkin edi. Yoki... “puch yongʻoqlar bilan meni laqillatmoqchiisan!” deb tepkilab qolishi ham hech gap emasdi. Mirzakalon bularni bilsa-da, yozishdan toʻxtamadi:

“Bilim yurtida oʻqib yurgan kezlarimda Siddiq Hidoyatov degan bolaning uyiga borganim, u bilan ayvonlarida oʻtirib shaxmat oʻynaganim va Siddiqning taklifi bilan orqa hovlilariga oʻtib, meva yeganim aniq esimda. Ammo u bilan qay sharoitda tanishganim va uyiga qay yilda borganim sira xotirimda yoʻq. Ikkalamiz ham tamom yosh boʻlganimiz va biron aqida koʻchasiga kirib ulgurmaganimiz uchun, oʻrtamizda diqqatga sazovor biron jiddiy gap oʻtgandir deb oʻylamayman. Meni uning uyiga olib borgan narsa – shaxmat oʻyiniga oʻchligim boʻlsa ham ajab emas. Shuni ham qayd etib oʻtayki, Siddiqning millatchi Botu ukasi ekanini oʻsha vaqt bilarmidim-yoʻqmi, buni hozir ham aniq eslay olmayman...”

Eslay olmayman... Yaxshi bahona... Nega eslamasin? Botuni uning suhbatlarini unutish mumkin ekanmi? Dunyo koʻrgan bu odamni millatning faxri deb hisoblardi, unga havasi kelardi, uningdek boʻlishni orzu qilardi, har bir soʻzini jon qulogʻi bilan tinglardi. Uningdek boʻlish orzusi... Ajab! Ilm va ijodda uning martabasiga yetolmagan boʻlsa-da, “millatchi” degan tamgʻaga erishib turibdi. Oʻttizinchi yillarning ikkinchi yarmini eslaganda hanuz bir narsaga tushuna olmaydi: qama-qamalar boshlanmay turib millatning gullari hisoblagan ziyo ahli orasida koʻp fitnalar boʻldi. Bir-birlarining boshlari ustidan magʻzava agʻdarganlar ham uchradi. Xalqni uygʻotishi, ozodlik yoʻliga boshlashi lozim boʻlganlar bu muqaddas burchlarini unutib, jar yoqasiga kelib qolganlarini oʻzlari ham sezmadilar. Mirzakalon ustozlarning barchasini butun qalbi bilan ardoqlardi, ularga intilardi. Ayniqsa, Choʻlpon bilan Botu yigitning qalbida alohida ardoqqa ega edi. Ayni choqda bu ikki ulugʻ orasida ahillik yoʻqligi, dunyoqarashlarida ziddiyatlar mavjudligi bu qalbini ombur iskanjasida azoblardi. Botuning Choʻlpon va Fitrat dunyoqarashiga zid fikrlarida yomonlik urugʻi yoʻq edi, fikrlar olishuvi xolislik bilan olib borilardi. Lekin bu xolis olishuvni ziyraklik bilan kuzatib, payt poylayotgan gʻanimlar tegirmoniga suv quyayotganini fahmlamasdmidi? Choʻlpon ham Fitrat ham qamaldi. Ular toʻgʻrisida boshqa ma’lumotlar yoʻq. Abdulla Qodiriy uchchovi bir kunda otildi, degan mish-mishlarni eshitgan, biroq, ishonishni ham ishonmaslikni ham bilmaydi. Kechagi kungi nazoratchining gaplari rost boʻlsa, demak, oʻsha yillariyoq otib oʻldirishgan. Botu ularni millatchilikda ayblagan boʻlsa, oradan koʻp oʻtmay uning oʻzini ham shu ayb bilan hibsga oldilar. Bir kuni Siddiq “Akamni Moskvaga olib ketishibdi”, dedi. Urush arafasida koʻrishishganida esa “Akamni Moskvada hukm qilib otishganmish”, devdi. Bu xabarni uka ishonqiramay aytganda boshqalar ishonishsinmi? Mirzakalon shularni oʻyladi, lekin qogʻozga tushirishdan oʻzini tiydi.

Mirzakalon tergovchining Bilim yurti hayoti bilan qiziqishini bilardi. Bilim yurtiga aloqador bir qancha ziyo ahlining ayrimlari Stalin qirgʻini avjiga chiqqan urushgacha boʻlgan yillarda qatl etilgan, ba’zilari esa uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Sibirning sovuq oʻrmonlarida kimlar oʻlib ketdi, yana kimlar taqdiridagi ozodlik yozugʻidan umid qilib yashab yuribdi ekan? Hamonki, tergovchi Bilim yurtidagi hayoti bilan qiziqar ekan, yozmaslikning iloji yoʻq. Mirzakalon qama-qama yillari Bilim yurti sha’niga qanday balchiqlar chaplanganini esladi. Oʻzbekchani bilmaydigan tergovchi u gaplardan bexabardir, degan toʻxtamga kelib, oʻttizinchi yillarning yarmidan boshlab, to urushgacha davom etgan tuhmatlarni bir-bir eslab, qogʻozga tushira boshladi. Gapning avvalini siyosat pardasiga hafsala bilan oʻradi. Bu yozganlari tergovchining gʻashini keltirgan taqdirda ham dagʻdagʻa qilolmaydi. Salgina e’tiroz bildirsa, ertaga oʻzining ahvoli bugun oʻzi qiynayotgan mahbuslarnikidan battar boʻlishi mumkin.

“Yillar oʻtgan sari Sovet hokimiyati mustahkamlanib, sovet kishilarining oʻz sotsialistik vataniga va uning porloq kelajagiga boʻlgan ishonchlari kuchayib bordi. Mamlakatni kommunizm sari gʻolibona olib borayotgan shonli Lenin-Stalin partiyasiga ichdan turib zarba berishga qasdlangan sotqin trotskiychi-zinovʼevchi ablahlarga qarshi mamlakatda qizgʻin kurash boshlanib ketdi. Bu kurashda Bilim yurti ham chetda qolmadi. Mamlakatning ichki va tashqi dushmanlariga qarshi kurashda, mamlakatni sotsializm asosida qayta qurish, odamlarni kommunizm ruhida tarbiyalash kurashida chiniqqan asl sovet kishilarining fosh qiluvchi ovozi Bilim yurti devorlari ichida ham yangrab ketdi. Talabalar orasida oʻzining trotskiychi fikrlari bilan tanilgan bir-ikki oʻquvchi umumiy majlisda munosib ravishda doʻpposlandi, yuzlaridan trotskiychi niqoblari yitib tashlandi, ammo... maktabdan quvilmadilar...”

Shu satrlarni yozaturib xayoliga beixtiyor “Sharofni tanqid qilaverib, oʻshanga oʻxshab yozadigan boʻlib qolibmanmi?” degan fikr keldi-yu mahzunlik bilan kulimsiradi. Berlindan qaytib “Qizil Oʻzbekiston” gazetasida ish boshlagach, bosh muharrirning dabdabali satrlarga gʻoyat oʻchligidan koʻngli xira boʻlgandi. U osmondan tushgani yoʻq, har bir maqola dabdaba bulogʻidan suv ichishi shartligini biladi. Istasa-istamasa, oʻzi ham yozadi oʻshanday satrlarni. Ayniqsa urush yillaridagi maqolalarida bu masalada oʻziga oʻzi erk berardi. Urush kunlari bunday dabdabani koʻtarardi. Bu usulga muhtojlik bor edi. Endi haqiqatga yondoshish vaqti keldi, deb hisoblardi. Urushning barcha dahshatlariga guvoh boʻlgan ikki sobiq zobit, biri Bosh muharrir, biri esa mas'ul kotib bu masalani ijodiy bahs deb hisoblab, tortishuvlarini bas qila qolmas edilar. Bahs dahanaki jangga aylangan paytlarda ham ikkala tomon ham boʻsh kelishni istamasdi. Soʻnggi dahanaki jang chogʻi musht ishga tushdi-yu, “ijodiy bahs” nihoyasiga yetdi. Bahsning intihosi mas'ul kotibning boshqa ishga oʻtishidan iborat boʻldi. Mirzakalon qamoqqa tushgan dastlabki kunlari bu idoraga tuhmatnoma yozib berishda gumonsiragan odamlarni oʻzining xayolidagi “qora roʻyxat”dan birin-sirin oʻchirdi. Bular orasida Bosh muharrir ham bor edi. “Hamma tirik jon singari Sharofning ham oʻziga yarasha illatlari bor. Lekin u sotqin emas”, degan xulosasini hozir ham esladi. Alhol, u ziddiyaga doir voqealarni eslash vaqti emasdi. Shu sababli, xayolini jamlab, yana Bilim yurti voqealariga qaytdi:

“Men Bilim yurtida oʻqib yurgan kezlarimda yana bir voqea yuz berdi. Ammo uning qaysi yilda yuz berganini aniq aytolmasam-da, harholda yigirma toʻrtinchi yildan keyin emas, deb bilaman.

Yuqori sinflarda oʻquvchi qoʻqonlik talabalardan Ismoiljon (otining aniqligini tasdiqlay olmayman) Qodirov bilan Solijon Ismoilov avval “qaychi quda” boʻldilar, ya’ni bir-birlarining singillariga uylandilar. Keyin esa Turkiyaga oʻtib ketdilar. Ularning Vatanga xiyonatlari yashirin, mahfiy suratda emas, balki hammaga oshkor suratda qilindi. Men ularning yozgi ta’tildi Qoʻqonga borib, kurslarda muallimlik qilish yoʻli bilan koʻpgina pul topmoqchi, keyin bularni tillaga aylantirib, Turkiyaga oʻtib ketmoqchi boʻlganlarini sinfdosh oʻrtogʻim Javlondan eshitdim. Javlon oʻz hamshaharlarining kirdikorlariga ular Vatanga xiyonat qilayotganlari uchun emas, oʻz sevgilisidan ajrab qolayotgani uchun gʻazablanib gapirdi. Darhaqiqat, u Qodirovning singlisini sevar, oshiqi-beqaror edi.

Qoʻqonlik ikki talaba tomonidan tayyorlangan bu xiyonatni Bilim yurti rahbarlari koʻra-bila turib qoralamadilar, tegishli chora koʻrmadilar, oddiy voqeadek parvosiz oʻtkazib yubordilar. Yana Javlonning aytishicha, qochoqlar yoz ta’tilida muallimchilik qilib koʻp tilla yiqqanlar-da, kuzda qora niyatlariga yetganlar...”

III

Toshkent, Darxondagi uch xonali uy.
1986 yil, 4 fevral, seshanba, soat 16.10.

Goh hud, goh behud yotgan holida oʻtmishini eslayotgan bemorning qulogʻiga tanish ovoz urilib, kutilmagan quvonch epkinida yengil seskandi. Hatto koʻzlarini bir necha soniyaga ochdi. Ovoz egasini qidirib, alangladi. Oradan yillar oʻtgan boʻlsa-da, oʻn sakkiz yoshida yigit koʻnglini ovlagan bu shirin ovoz hali ham totli edi. Lekin... jon olgʻuvchi bu ovoz egasi chindan ham yoʻqlab keldimi yo Bilim yurtidagi voqealar hayolini yoritgani uchun qulogʻi ostida gʻoyibona jarangladimi?
-Hamidaxon, doʻxtirlik qilmay qoʻyganingiz chakki boʻlibdi-da, Sanobarxon ikkovimizga binoyidek tish qoʻyib beruvdingiz. Yasama tishlarim ham oʻzimga oʻxshab qarib ketdi. Yangilash bahonasida yana oldingizga bormoqchi boʻlib yuruvdim.
-Yap-yangi tish sizdan aylansin, buvijon, oʻzim boʻlmasam, oʻzimdan ham ziyoda shogirdlarim bor.
-Mirzakalon tuzalib qolsa, boraman...

“Ha, eshitib kelibdi. Yo kimdir chaqirtirganmi? Ehtimol kampir tushmagur yoʻqlatgandir. Ha... bu uning ishi. Armonda ketmasin, degan. Yuragimning bir uchi kemtikligini yaxshi bilardi...”

Otasi Ismoilxoʻjaga xotin chidamasdi. Agar adashmasa, oʻn martadan ortiqroq uylandiyov. Faqat oʻn ikkinchi yoki oʻn uchinchi hisobdagi Hikmatxon unga bas keladi oldi. Har qanday xotinni kaltaklay-kaltaklay taloq qilib yuboruvchi bu odam shu xotin bilan yashab qoldi. Ikki oʻgʻil, bir qiz koʻrishdi. Dehqonlarni quloq qilish boshlanganida Ismoilxoʻja Toshkentga koʻchib keldi-yu, Mirzakalon ham, singlisi Sanobar ham oʻgay onani hech ikkilanmasdan “buvi” deb atay boshlashdi. Ukalarini ham oʻz tugʻishganlariday bilib, ardoqlashdi. Hikmatxon ham ularni oʻz farzandlaridan a’loroq koʻrardi. Birinchi marta qamalganida uning bir necha tunu kun qamoqxona atrofida boʻzlab yurganini eshitib, koʻzlariga yosh olgan edi. Ikkinchi qamalishida Qaragʻandaga ham keldi. Endi... ayriliq aniq ekanini sezgan. Diydor qiyomatga qolmasin, deb yaqinlariga xabar bergan.

Mirzakalon shularni oʻylab koʻzlarini ochib kampirni soʻnggi marta bir koʻrgisi keldi, uning beozor va shodon qahqahasini eshitgisi keldi. Mehnat tufayli qotib ketgan barmoqlarini kaftlari orasiga olib silashni istadi... Biroq, harchand harakat qilmasin, mijjalarga hukmini oʻtkaza olmadi. Jon tark etayotgan qoʻllari ham oʻziga boʻysunmadi...

Ayollarning uyga kirganlarini sezdi. Hamida engashdi. Yoqimli nafasi Mirzakalonning yuziga urilib, yuragi gupirlab ura boshlaganday boʻldi. Bu yurak hozir sakson yil koʻkrak qafasini tepa-tepa charchaganini, vazifasini ado etib boʻlish arafasida ekanini unutdi. Muhabbat mayidan mast kezlaridagi kabi dadil-dadil urdi.

“Oʻliklar” yoxud birinchi muhabbat mojarosi

... Oʻsha paytlarda “Oʻliklar” degan vahimali nom bilan mashhur boʻlgan voqeani unutish mumkin ekanmi? Gap nomda ham emas, ishqiy mojaroda ham emas, oraga qurol, imzosiz xatlar aralashganida ham emas. Bu mojarolarni esdan chiqarib tashlash ham mumkin. Lekin qalbga muhrlangan bir xotirani oʻlimdan boshqa hech qanday kuch oʻchira olmaydi. “Oʻsma ketar, qosh qolar”, deyilanidek, birinchi muhabbat ehtiroslari bu vujudni jondan ilgari tark etishni istamasdi.

Oʻsha yillari Erlar bilim yurti bilan Qiz-juvonlar bilim yurti oʻrtasida birlashgan havaskorlik dramtoʻgaragi tashkil etilgan edi. Mirzakalon bir necha doʻstlari bilan birga bu toʻgarakda ishtirok qilardi. U oʻshanda jussasi oʻziga oʻxshagan kichkinagina, koʻzlari oʻynab turgangina, oʻzi oqishdan kelgangina bir qizni sevib qoldi. U - Hamidaxon edi. Mirzakalon undan sevgi toʻla koʻzlarini aslo uzolmas, yoniga borib ishq daftarini ochishga esa hech botinolmas edi. Qiz ham mayldor boqishlar va jon olgʻuvchi jilmayishlar bilan yigitning sevgisini ardoqlar, sahnada oʻyinga tushaturib pinhona tashlagan nigohlari bilan uningsiz ham yonib turgan qalbini beshbattar yondirar edi. U oshiqlikning koʻzga koʻrinmas chayir iplari bilan kun sayin mahkamroq bogʻlanib borardi. Qalbi sevgisini ikki yil oʻz bagʻrida poʻpalab oʻstirdi va, nihoyat, yigirma yettinchi yilning yozgi ta’tilida iqrorga keltirdi. Mirzakalon bilan Hamidaxonning sevgisi, mayli hammaga oshkor boʻldi. Bu sevgini, bu baxtni koʻrolmagan, ularni bir-birlaridan ayirishga harakat qilgan kishilar ham paydo boʻldi.

Ularning sevgisiga qaratilgan hujum zamirida mahalliychilik choʻgʻi mavjudligi millat taqdiri xususida jon qaygʻuruvchi yigitni tamoman gangitib tashladi. Millatni xaroblik botqogʻiga aynan mahalliychilik botirishini u Botuning suhbatlari orqali anglagandi. Anglagach, Bilim yurti talabalari orasida aynan shunday xastalik borligini bilib yuragi ezildi. Toshkentlik fargʻonalikni, samarqandlik xorazmlikni, termizlik buxorolikni koʻrolmasligi uni afsus buluti bilan oʻrab turardi. Bugun bilim olib, ertaga xalqni gʻaflat uyqusidan uygʻotishi lozim boʻlgan yigitlarning bu ahvoli millat kelajagiga qora parda tortayotganday boʻlardi. Aynan shu xastalik bilan ogʻriyotgan yigitlarning oʻziga hujum qilib qolishlarini esa oʻylab koʻrmagandi. Ha, shunday boʻlgan edi. Sevgilari oshkor boʻlgach, Yaqub degan yigit birinchi boʻlib bosh koʻtardi. Bir u emas, yana koʻpgina yigit bu qizga oshiq edi. Lekin ular orasidan birgina shu Yaqub hujum qilishga jur'at etdi. U “Men bu qizni sevaman!” deb maydonga chiqmadi, nomardligi ham aynan shunda edi. Atrofiga oʻziga oʻxshagan oʻsmirlarni toʻpladi-d: “Toshkentlik qizni andijonlik kelgindi olib ketaveradimi?” degan da’vo bilan chiqdi. Bu shunchaki poʻpisa emas, ikki sevishgan qalbning ishqiga ochilgan urush edi. Ular avvaliga Hamidaxonni Mirzakalondan qaytarish uchun qizga xilvatda nasihat qilib koʻrdilar. Qiz ahdida qat'iy turgach, Mirzakalon qora xatjildlarda maktublar ola boshladi. “Oʻliklar” deb imzo chekkan maktub egalari Hamidaxondan dahol voz kechishini talab qilar, kechmagani taqdirda oʻzinigina emas, qavm-qarindoshlari va urugʻ-aymoqlarini ham bitta qoʻymay qirib tashlayajaklarini va’da etar edi. Bu ayanch, ayni zamonda kulinch voqea tez orada Bilim yurti devorlaridan tashqariga yopirilib chiqib, “Yer yuzi” deb nomlangan jurnalda “Oʻliklar” sarlavhasi ostida olamga mashhur boʻldi. Bu ham yetmagandek, Moskvada nashr etiluvchi “Komsomolʼskaya pravda” gazetida ham e’lon qilindi.

“Oʻliklar” oʻz nomi bilan oʻlimga mahkum edilar, ular sevishganlarni bir-birlaridan ayirolmadilar. Hamidaxonning ota-onasi Mirzakalonni kelgindi, uy-joysiz, asrandi deb qizini bermaganiga, “Oʻliklar” har qadamda sevgilariga toʻsqin boʻlganlariga qaramay, Hamidaxon ikkovlari birga yashab ketdilar. Ular oʻzlarini gʻolib hisoblab, masrur edilar. Biroq... mas'udlik uzoq davom etmadi. Ular uchun hech kutilmaganda komsomol tashkiloti bu masalani muhokamaga qoʻydi va “shuncha shov-shuv koʻtargani uchun” Mirzakalonni komsomoldan chiqardi. Shov-shuvning asl sababchisi, ishq ahliga suiqasd tayyorlagan “Oʻliklar”ning tashkilotchisi esa suvdan quruq chiqdi.

Masalaning bir yoqlama hal etilgani yigitni qattiq ranjitdi. Oqshom chogʻi yuragi yorilganday boʻldi-yu, sevgani Hamidaxon bilan aytishib qoldi. Komsomoldan chiqarilishi koʻnglini ogʻritgani bilan bu holni fojea deb bilmadi. Bu ondagi jahonining qorongʻuligi majlisdagi adolatsizlikdangina emasdi. U gʻanimlar qoʻlining balandligidan ezilardi. Hamidaxonning ularga qarshi qat'iy bir gap aytolmaganligini ayb deb bilib, ogʻir gaplarni aytib yuborishda tiyila olmadi. Oʻsha arazlashish onlaridan beri oradan yarim asrdan ortiq vaqt oʻtgan boʻlsa-da, Mirzakalon tilidan uchgan soʻzlari uchun hali hanuz oʻzini kechira olmaydi. Hozir, boshi yostiqda, joni ajal hukmida ekanida Hamidaxonning kelganini sezib, undan yana bir bor uzr soʻrashni istadi. Ammo tili aylanmadi...

Oʻshanda “Seni koʻrarga koʻzim yoʻq”! deb yuborgan edi. Qaysi shaytonning izmida edi oʻshanda bu til?! Yuzlari shirmonday chiroyli sevgilisiga shunday deyishi adolatsizik, insofsizlik ekanini oʻshandayoq fahmlagandi. Lekin oʻsha damdayoq aybiga iqror boʻlishga yigitlik gʻururi yoʻl qoʻymagan edi. Hamidaxoni esa... yum-yum yigʻlab, bir soʻz ham demasdan uyiga ketgan edi. Ahmoqlik bulogʻidan suv simirgan gʻurur yana oʻz ishini qildi: yigitning oʻrnidan turishiga, sevgilisini ushlab qolishiga yoʻl bermadi. Mirzakalon Hamidaxonini ikki kun koʻrmadi, oʻzi ham hujrasidan chiqmadi: odamlarga koʻrinishdan uyaldi.

Istagingga yetar ekan qanotlaring sindimi,
ey koʻnglimning bulbuli?
Senga qarshi kulib turgan goʻzal chechak tindimi,
tashladimi bir yoʻli?
Havo yorgan koʻkragingni sevgi yeli tildimi
qon toʻlami har tomon?
Koʻzlaringga ayriliqning iplarini ildimi?..
shu qiligʻi koʻp yomon.
Yo erkinlab hidlagani bermaylarmi gulingni,
toʻsalarmi yoʻlingni?
Gul oʻzimi koʻzlaringdan koʻzlarini qochirdi,
yoʻqliklarga yoshirdi?
Shu yulingan parlaring-la
ucholmassan, yoʻqsil qush,
U umidlar havosidan
endi bir oz tuban tush!..

Ikki kun davomida u ustozning she’rlari bilan birga boʻldi. Garchi turkiy millatlarning ma’naviy otalaridan biri hisoblangan Abdulhamid Choʻlpon hazratlari u damlarda faqat she’rlari orqali tanish boʻlsa-da, shoirni oʻziga ustoz deb bilar, uning nomini qalbi toʻrida ardoqlardi. Atrofdagi voqealardan koʻngli ozor chekkan paytlarda ustoz she’rlaridan dalda olardi. Bu safar ham shunday boʻldi. Uni ikki kun yolgʻiz qoldi, demoqlik ham uncha toʻgʻri emasdi. Ma’naviy otasining she’rlari bor ekan, shogirdni vohid demoqlik nojoiz.

Hujrasiga shom qirongʻiligʻi bostirib kira boshlaganda surmarang samoga deraza orqali qarab Hamidaxoniga gʻoyibona boʻzladi:

Yiroqlashdim, uzoqlashdim bir necha kun sendan,
hol soʻrab koʻr mendan,
Nega muncha ogʻir keldi bu yiroqlik menga,
anglatayin senga!
Chunki sening qarshingda men ayriliqdan oʻylamay,
koʻzlaringga tikildim,
Oʻzligimga, borligimga baho qoʻymay, sanlamay
erga qadar egildim.
U koʻzlaring toshqinida baliq kabi suzgan men,
ayriliqni oʻylaymi?
Boshqa dunyo, boshqa oʻydan bogʻlanishni uzgan men,
senga qarab toʻyaymi?
Mana endi bir necha kun sendan yiroq qoldim-da,
qaygʻularga koʻmildim.
Ayriliqda – qaygʻu ichra ulushimni oldim-da,
koʻzlaringni xoʻp bildim!
Endi senga koʻngil dardin butkul ochib beraymi,
istaysanmi sen shuni?
Istamasang, qistamayman... oldin seni koʻraymi,
soʻng aytaymi men uni?
Yaxshi... endi qanotimni rostlayin,
Uchib borib oldin seni topayin,
soʻng dardimni ochayin!..
Dardini ochmoq uchun bormadi... Borolmadi... Qizning oʻzi keldi. Uchinchi kun oqshom gʻira-shirasida, eshigi asta taqilladi. Yuragi qinidan chiqib ketayozdi: bu uni ikki kundan beri intizor qilgan tanish tiqillash edi. Oʻrnidan sapchib turib, eshikni ochdi: ostonada yuzi soʻlgʻin, oʻzi gʻamgin, koʻzlari qizargan, qoʻlida roʻmolchaga oʻrogʻliq bir narsa bilan Hamidaxon turar edi. Buyuk shodlik bilan ichkariga taklif qildi. Kirdi, ammo yuzidagi soʻlgʻinlik ketmadi. Qovoqlari soliq, dahshatli bir qaror bilan kelgandek edi. Oʻtirmadi-yu, tik turganicha gapirdi:
-Men... tushundim... meni koʻrmaslikka haqqingiz bor... mendan nafratlanishga haqlisiz... chunki... shunchalar sharmanda boʻlishingizga mengina sababchiman... endi bu dogʻimni oʻz qonim bilan yuvishga, sizning huzuringizda jon berishga keldim!-dedi-da, roʻmolchasi ichidan temir dastasi yaltillab turgan qora “braunning” – toʻpponcha chiqardi.

Bu ahddan, bu harakatdan Mirzakalon dovdirab qoldi. Biroq, tezda oʻziga kelib, qizning toʻpponchani oʻqtalishini ham kutib oʻtirmay, keskin chovut bilan qoʻlidan tortib oldi. Soʻng eng shirin soʻzlar bilan yupatib, nohaq xafa qilgani uchun uzr istadi. Gap orasida “toʻpponchani qaerdan oldingiz?” deb soʻraganida qiz titroq lablari bilan “pochchamniki”, deb qoʻydi. Mirzakalon Qudratillo qorini yaxshi tanirdi. Lekin uyida toʻpponcha saqlashi, ayniqsa, qurol saqlashdan maqsadi uning uchun sir edi. Oʻsha kuni bu sirni aniqlashga urinib ham koʻrmadi. Keyinchalik bu toʻpponcha boshiga balo boʻlishini esa bilmadi. Uzrhohlikdan soʻng sogʻinch qalblar taskin topdi. Ayriliq oʻz sovuq gavdasi bilan yana oralariga suqilib kirgudek boʻlsa, jafo koʻrgan tomon qoʻlga oladi, degan oʻzaro va’da va qat'iy qaror bilan toʻpponcha Mirzakalonda qoldi...

Toʻpponchadan oʻq otilmadi...

IV

Toshkent, Darxondagi uch xonali uy.


1986 yil, 4 fevral, seshanba, soat 15.15.


...Hozir, labiga suv tomizilayotgan paytda, oʻq qarsillab otilganday boʻlib, bemor seskanib ketdi. Yuziga urilayotgan tanish va yoqimli nafas tindi. Ayollarning ovozlari ham uzoqlashdi. “Ketdi,-deb oʻyladi, armon bilan. Yuragidagi soʻnggi tomirlardan biri uzilganini oʻzi ham sezdi. -Endigi diydor qiyomatga qoldi. Chaqirishgani yaxshi boʻldi, meni koʻrdi, armon qilmaydi. Men koʻrolmadim... Bultur uchratganimda yuzidagi ajinlari bilan ham koʻzimga chiroyli koʻringan edi. Yoʻq... ajinlarini sezmagan edim... Yuzi ellik yil avvalgi chiroyda edi... Ajab...”

Shu payt ochiq derazadan yopirilib kirgan yelvizak uning yuzini silab oʻtdi-da, xona eshigini taraqlatib yopdi. Bu ovozdan uydagilar ham choʻchib tushishdi. Nabiralaridan biri shoshilganicha kirib, derazani yopdi.

Yelvizakning bevoshligi tufayli barchani choʻchitgan bu tovush oʻlim toʻshagida yotgan bemorga qamoqxona temir eshigining qarsillab yopilishi boʻlib eshitildi goʻyo. Bu tovush totli xotiralarini quvib, uni yana oʻsha nimqorongʻu, zax xonaga qaytardi. Xonaning zaxligidan eti junjikdi. Oyoqlari sovqotdi. Bu sovqotish qamoqxona zaxligidan emas, oyoqni jon tark eta boshlaganidan ekanini u bilmadi.

“Oʻzimdan tashqari bir dunyo koʻrdim...”

Bir soatlardan soʻng yana tergovchi huzurida hisob berishi lozimligini eslab, qoʻliga qalamni oldi. Tergovchi undan Choʻlpon haqida ma’lumot istab edi. Bu talabni bajarmay kirishining oqibati yomon boʻlishini fahmlab, yoza boshladi:

“Yigirma sakkizinchi yil Bilim yurtini bitirib, mustaqil hayot ogʻushiga otildim. Men Bilim yurtiga sof yurak va yaxshi tilak bilan kirgan edim, ammo u mening qalbimga millatchilikning qora urugʻini sepib chiqardi. Ba’zan, Bilim yurtida oʻtgan umrimga va u yerda olgan taassurotlarimga xolis koʻz bilan qarasam, Bilim yurti – temirchilikka, talabalar esa millatchi-temirchi qisqichiga olingan va u xohlagan shaklga tushish uchun sandonga qoʻyib bolgʻalanayotgan yumshoq metallga oʻxshab ketadi.

Respublikada oʻzbek yozuvini arab alifbesidan lotin alifbesiga koʻchirish tayyorgarligi bormoqda edi. Shu munosabat bilan Maorif xalq komissarligi Samarqandda lotinlashtirish instruktorlari tayyorlaydigan uch oylik kurs ochdi. Komissarlik meni ana shu kursga yubordi. Samarqandning Qoʻshhovuzida joylashgan ushbu kursda uch oy oʻqib, uni yigirma sakkizinchi yilning kuz oylaridan birida bitirib chiqdim. Gʻozi Olim Yunusov, Fitrat, Qayum Ramazon va nomlari xotirimdan chiqqan yana boshqa millatchilar bu yerda ham oʻz kirdikorlarini bahuzur davom ettirardilar. Gʻozi Olim Yunusov Shayboniyxon kabilarni ideallashtirsa, Fitrat Bedil kabi mistik, Husayn Boyqaro kabi mustabid shoirlarni adabiyot dunyosining koʻklariga koʻtarar edi. “Lotinlashtirish instruktorlari tayyorlash kursi” deb atalgan va ismi jismiga toʻgʻri kelmagan bu muassasada aslan millatchilar tayyorlanar edi.

Men Samarqandda Oʻzbek davlat nashriyotidan bolalar uchun yozilgan kichik-kichik ruscha kitoblarni olib, tarjima qila boshladim. Bir kuni Naim Saidiy meni koʻrib: “Choʻlpon koʻchiruvchi axtarib yuribdi, xohlasangiz uchrang”, dedi. Oʻsha vaqt oʻzbek adabiyotining yerida yurmay, koʻkida uchayotgan Choʻlponni koʻrish, uning xizmatini qilish – menga katta martaba koʻrindi. Men darhol rozi boʻldim va, adresini olib, oʻsha kuniyoq Choʻlponning uyiga bordim. U ham Qoʻshhovuzda, kursimiz biqinginasida turar ekan. Choʻlpon meni qabul qildi, tarif boʻyicha haq toʻlayajagini aytib, bir tutam qoʻlyozmasini koʻchirishga berdi. Bu qoʻlyozma arablar hayotidan olib yozilgan “Rasuliy” nomli romanning oʻzbekcha tarjimasi edi.

Shunday qilib, men Choʻlponning kotibi boʻlib qoldim. Endi biz tez-tez uchrashar, ishga oid, ishdan tashqari horij masalalar haqida ham gaplashar edik. Choʻlpon, yangi yozgan she’rlarini ba’zan oʻqib turib, yigʻlab yuborardi. Men avvallari bu yigʻilarning sababiga tushunmay yursam ham, keyincha bu koʻzyoshlarining asl ma’nisini fahm qiladigan boʻldim. Koʻchiruvchilik vazifam kun sayin qarib bordi. Choʻlpon ham men bilan ancha erkin gaplashadigan boʻldi. Kunlardan bir kun Choʻlpon odatdagicha yigʻlab turib, menga shu soʻzlarni aytdi:

“Millat xarob boʻldi. Uning eng muqaddas narsalari: hurligi, sha’ni-sharafi qoʻldan ketdi! Har qadamda yuragimiz qush hadigi bilan uradi. Endi bizning vazifamiz, kelajak avlodning vazifasi – millatni sharmandalarcha qullikdan, haqorat va xoʻrlikdan qutqazish boʻlishi kerak!

Choʻlponning yigima besh yil burun aytgan va men jumlama-jumla hozir eslay olmagan soʻzlari asosan yuqorida zikr etilgan maqsadlarni oldinga surar edi. Ammo Choʻlpon bu vazifani oʻzi qanday bajarayotganini, boshqalar qanday bajarishi kerakligini aytmadi. Men ham soʻrash darajasiga koʻtarilgan yetuk “avlodlar”dan emas edim.

Kurs tamom boʻldi. Men Toshkentga qaytdim. Ammo Bilim yurti yuragimga sepgan millatchilikning urugʻini Choʻlpon Samarqandda sugʻorib, undirib qaytardi...”

Mirzakalon barmoqlarida ogʻriq sezib, qalamni qoʻydi. Yuragida ham sanchiq turdi. Qamoqxonaning havosi sugʻurib olib tashlanganday nafasi siqildi. Oʻrnidan turib, u yondan bu yonga yura boshladi. Boshi aylangach, karavotiga oʻtirdi. Kaftini peshonasiga qoʻydi. Anchagacha harakatsiz oʻtirdi. Qamoqqa olinganicha dom-daraksiz ketgan ustozini eslaganda yuragi hamisha bezovta tepa boshlaydi. Xayoliga esa ustozning satrlari quyilib kelaveradi. Birinchi marta qamalganida gʻalati holat yuz bergan edi. Bundan ham torroq, bundanda zaxroq va sassiqroq kamerada yolgʻiz oʻtirganida she’r oʻqish bilan oʻziga oʻzi dalda berardi.

Sening erkin tuprogʻingda hech haqqi yoʻq xoʻjalar,
Nega seni bir qul kabi qizgʻanmasdan yanchalar?
Nega sening qalin tovshing “ket” demaydi ularga?
Nega sening erkli koʻngling erk bermaydi qullarga?
Nega tagʻin tanlaringda qamchilarning kulishi?
Nega sening turmushingda umidlarning oʻlishi?
Nega yolgʻiz qon boʻlmishdir ulushing?
Nega buncha umidsizdir turishing?
Nima uchun koʻzlaringda tutashguvchi olov yoʻq?
Nima uchun tunlaringda boʻrilarning qorni toʻq?
Nima uchun gʻazabingni uygʻotmaydi ogʻu-oʻq?
Nima uchun borligʻingda bu daraja buzgʻunlik?
Nima uchun oʻch buluti sellarini yogʻdirmas?
Nima uchun kuch tangrisi bor kuchi-la soldirmas?..
Ey, har turli qulliklarni sigʻdirmagan hur oʻlka.
Nega sening boʻgʻizingni boʻgʻib turar koʻlanka?

Bu ham dardli, ham olovli satrlarni Oʻshdagi yetimxonada ekanida, Toshkentga otlanayotgan kezlari oʻqib, darrov yodlab olgan edi. Bilim yurtida oʻqishni boshlagan kezlari bu asarga raddiya sifatida shoir Gʻayratiyning “Tuzalgan oʻlkaga” degan she’ri gazetada bosilganini bildi. Yana katta yoshli talabalarning oʻzaro suhbatlaridan bildi-ki, Choʻlpon bir majlisdan keyin Gʻayratiyga duch kelganida debdiki: “Hozir senga oʻxshagan komsomollarning zamoni kulyapti. Keyinroq borib sharmanda boʻlishdan qoʻrqqin”...

Birinchi qamalgan kezlari ustozi hayot edi. Boshi uzra tuhmat bulutlari quyuqlasha boshlagan boʻlsa-da, oʻzini dadil tutardi. Uning shu matonati Mirzakalonga birinchi jazodan eson-omon qutilib chiqishida dalda bergan edi.

Turmaning bir kishiga moʻljallangan xonasida xotirasiga muhrlangan oʻnlab she’rlarni takrorlay-takrorlay, ajib bir quyma satrlar tizmasi hosil boʻlganidan oʻzi ham ajablandi. Har bir she’rdagi yurak singari bezovta urib turgan ikki-uch satr ajralib chiqib, bir-biri bilan qovushgach, goʻyo ustoz bilan muloqot yaratilganday tuyuldi. Oʻshandan beri yillar oʻtdi. Bu muloqot xayolidan oʻchmadi. Urushning halokatli kunlarida ham bu satrlar hamroh edi. Hozir, tergovchi soʻroqqa chaqiruvi arafasida yana oʻsha suhbati boshlandi:

“Aziz otam, qoʻlimdagi gullarning motam boʻlgʻonini bilmaysan. Shodlik guli koʻpdan beri soʻlgʻonin yer ostida pok ruhing-la sezmaysan. Belgisiz qabringni qora tunlarda amalimning sha’min yoqib izladim. Savol berdim: “Yoʻqotganim qayda?” deb oʻzimni ham yutmoq boʻlgan yerlarga... xayol, xayol... Yolgʻiz xayol goʻzaldir, haqiqatning koʻzlaridan qoʻrqaman. Sezdim sening ketganingni koʻngildan. Ketgan yoʻling yiroq yoʻldir, keti yoʻq. Qurib yotgan ariqlarning koʻzi senda. Bosh uchida aylanur bir toʻp farishta jimgina. Kimsasiz yerlarda sirlar aytildi. Ogʻiz ochsang, yoʻqsil elni ezmakka, qon qilmakka hasratlaring koʻp erur. Har soʻzingni bir farishta qanotiga yozadur. Aytmading, ogʻzingni yumding-da ketding...

Oʻksiz koʻngil qushi tushdi qafasga, sira yetolmaydur erkin nafasga – qora kunlar tushdi menim boshimga. Qip-qizil qon boʻlib kunlar botadur, yomon hidga toʻlib tonglar otadur – ogʻir kunlar tushdi menim boshimga. Jannat kabi bogʻlar bulbulsiz qolgan. Osmon boʻyi togʻlar qulunsiz qolgan – qiyin kunlar tushdi manim boshimga. Hasratim koʻp, elga ayta olmayman. Armonim koʻp, dilga joylay olmayman – oʻtli kunlar tushdi menim boshimga.

Hech joydan men kutgan zarvaraq chiqmadi. Koʻzimda ogʻir bir taslim nuri bor – tutqun otalarning erkin avlodi. Nechun yuzing yana soʻlgʻin, nechun uzun oʻylar? Tun yomon, tun qorongʻi. Tun qoʻrqinch, tun azob. Oh, yoʻllar qancha uzoqdir. Yozilmaganmi bu tunlar soʻngida tong otmak?

Bizning yoʻlimizda ogʻirlik sonsiz. Menim yoʻllarimda choʻzilgan togʻlar, qorga qoʻyin ochgan qator dovonlar. Koʻzlarim yoʻllarga tikilgan chogʻlar koʻngilda yoʻl yurish istagi qaynar. Oʻzimga zavq ila sudragan hamiyat! Oʻlimdan oʻzgani koʻrmagan hamiyat! Charchagan, tolgan, umidsiz koʻzlarim toʻymay qarar. Nechun ochildi koʻzim, qayga ketdi uyqularim?

Bir kecha xuddi bir yildir. Sabrning kosasi toʻlgandir, bu ogʻir ayriliq toʻldirgan. Koʻzlarimda har qaygʻudan bir yigʻi, yuzlarimda aldanishning belgisi. Turmushda, xayolda... Turmushda, xayolda... Har bir narsada yolgʻiz aldanishni koʻrgan bir banda. Oʻylangan oʻylarga koʻngil yupanmas, koʻngilning istagi oʻy bilan qonmas. Bilmadim, koʻnglimni yupatgay kimlar? Eh, koʻngil, yangi dardlar tagʻin seni yoqajak. Qilich singan, qalqon teshilgan. Temir kishanlarning dahshati yedi. Bu dunyo deb u dunyoni bahosiz pulga sotdim-ku?! Har yetim koʻzda tomchi-tomchi zahar, har faqir uyida ingrayish va yigʻi. Har sorigʻ yuzda soʻnggi shu'la soʻnar, har tomon, har tarafda bir qaygʻi. Menim uyimmi qora yoki yurt koʻkida bulut? Qilichning tillarida qizil qon.

Oʻzimdan tashqari bir dunyo koʻrdim. Koʻm-koʻk ekan, sargʻaydilar yaproqlar – ogʻriq, magʻlub, tutqun Sharqning yuzidek. Boʻronlarning koʻzlarikim, oʻynoqlar gʻolib Gʻarbning qonga toʻlgan koʻzidek. Bu boqchada gul koʻp edi – soʻldi amalimdek. Endi turmushimda oydin kechlar yoʻq. Bu qafaslar ichida qachon tong otar? Kulgan boshqalardir, yigʻlagan menman. Erk ertaklarini eshitgan boshqa, qullik qoʻshigʻini tinglagan menman. Shu ojiz holimda shoirmanmi men?

Dillarimda gʻam toʻla bechoralarga yorman, vaqti xush, gʻam koʻrmaganlardan tamom bezorman. Yoʻq ishim hokim, amaldor, shohu hoqonlar bilan! Haqiqiy birlikka shunda yoʻl burdim. Charchagan qanotim kuch sezdi. Koʻnglimga alam oldim, qoʻlimga qalam oldim – yana jonlanmakchiman! Yozarkan, qalamim na hazin anglar. Yetar, bas, chekdan oshgandir bu qargʻish, bu haqoratlar. Toʻlugʻdir, balki toshgandir tubanlik va safolatlar.

Qoʻlimda soʻnggi tosh qoldi, koʻngilda soʻnggi intilmak. Koʻzimda soʻnggi yosh qoldi, kuchimda soʻnggi talpinmak.

Qoʻzgʻolib ketganingni bir koʻrsam. Yangi nashidalar dilga bitildi. Yolgʻon xayollarga koʻchish yoʻq endi. Koʻngil shu choqqacha tirikmi edi, jonim koʻklardami, tandami edi? Oʻzimda bir turlik erkinlik sezaman. Koʻklam bilan yurtimga ham bir koʻkarish kelsaydi. Koʻnglimdagi soʻng umidim yoʻq etma.

Ulugʻ, qattigʻ agʻdarguvchi bir kurash, yo bor boʻlish, yo yoʻq boʻlish, yoʻq yarash! Hayvonlarga, insonlarga zolim ega boʻlmay qolmas. Faqat erkin vijdonlarga ega boʻlmoq mumkin emas!

Uzoq, ogʻir yoʻlga chiqqan yoʻlchiman, toʻxtasam – soʻnggi tinimda toʻxtayin. Men yurtimning pok istakli kuchiman. Yoʻq, oʻlim yoʻqdir! Bir oʻchib, soʻnib, yana yonish bor. Chunki men koʻrdim, koʻrib qoldim kerakli belgini. Endi har nafasda yana kuyaman, faqat Majnun boʻlib elni suyaman. Unga hurmat bilan boʻyin egaman, boshimni ul uchun dorga qoʻyaman!..”

V

Qamoqxona. 1952 yil, 21 avgust.

Ustoz bilan muloqotini temir eshik darchasining sharaqlab ochilishi, soʻng soqchining “Ismaili, na vixod, k sledovatelyu!” degan amri buzdi. Eshik ochilgach, yozganlarini olib dahlizga chiqdi. Soqchi eshikni yopguniga qadar devor tomonga mutelik bilan qarab turdi.

Tergovchi uning bayonini oʻqib, qoshlarini sal chimirdi. Soʻng arzimagan qogʻoz singari stoli ustiga tashlab qoʻydi-da:
-Ismoiliy, sen menga velosipedni qaytadan ixtiro qilib bermoqchimisan?-dedi.
-Men bilganlarimni yozyapman,-dedi Mirzakalon past tovushda. Tergovchining qosh chimirishi yaxshilik alomati emasligi ma’lum boʻlgani uchun gapni koʻpaytirmadi. U tergovchining urib yuborishidan yoki tepib qolishidan qoʻrqmasdi. Kaltak zarbi ogʻriq bergani bilan oʻtkinchi bir hol. U oʻzini himoya qila olishga jur'at etolmaganidan, xoʻrlik azobidan qiynalardi.

Tergovchining qosh chimirishi aldamchi edimi, har nechuk mushtlari ishga tushmadi. Mahbusga tikilib turdi-da:
-Nahot Choʻlpon haqida bilganlaring shularning oʻzi boʻlsa?-dedi.
-Oradan koʻp vaqt oʻtdi...-dedi Mirzakalon ovozini balandlatmay.
-Ha, juda koʻp vaqt oʻtdi,-deb tasdiqladi tergovchi.-Lekin vaqt hamma narsani oʻchirib tashlashga qodir emas. Masalan, nima uchun romanning muhokamasini eslamading?
-“Kecha va kunduz”nimi?
— Uning faqat bitta romani bor shekilli?
-Ha, bittagina,-dedi afsus bilan Mirzakalon.-Lekin romanning muhokamasida men yoʻq edim.
-Yozuvchilar soyuzidagi muhokamada boʻlmagandirsan. Lekin seni uyiga olib kirib oʻqib bermaganmi? Eslashingga yordam beraymi? Sen uni dohiy Stalin haykali yaqinida uchratgansan.
-Ha,-dedi Mirzakalon ilojsiz odamning ezgin tovushi bilan,-oʻtib ketayotgan edim, tasodifan koʻrishdim. “Romanning muhokamasi haqida fikring qanday?” deb soʻradilar. Majlisda ishtirok etolmaganimni aytib, uzr soʻradim. “Ie, unday boʻlsa yur, senga oʻqib beraman”, dedilar. Yoʻq deya olmadim.
-Qiziq, u katta yozuvchi boʻlsa, sen “kichkina yozuvchi” degan nomdan ham uzoq boʻlsang? Nega aynan senga oʻqib bergisi keldi? Ehtimol, seni yosh yozuvchi emas, maslakdosh sifatida qabul qilgandir?

Tergovchi nozik joyidan ilgan edi, Mirzakalon bayonida shunga yaqin aybni boʻyniga olgani sababli tergovchining fikrini rad etolmadi:
-Shunaqa boʻlsa kerak.
-Roman milliy mahdudlik ruhida edi, Sovet Ittifoqiga qarshilik ruhi joʻshib turardi. Bunday asarlar yoshlarga moydek yoqadi, shunday emasmi?
-Shunday-ku... lekin roman tarixiy mavzuda edi, men unda siyosatni emas, barbod boʻlgan muhabbatni koʻrgan edim.
-Xoʻp, balki sen rost aytayotgandirsan. Unda bizlarni u kimga oʻxshatgan?
-Sizni?- Mirzakalon bu savoldan ajablandi, tergovchining maqsadini fahmlay olmadi.
-Kitobda yozilgan qanjiq yuzidan chachvonini olmaganda unga nima deyishadi? “Axir yuzingni itlardan yashirmaysan-ku, bular ham shu-da!” demaydimi?
-Aynan bunday deyilmagan.
-Buni bilaman, men gapning ma’nosini aytyapman.
-Bu bir personajning gapi, yozuvchining aqidasi emas. Badiiy adabiyotda bu koʻp uchraydi. Ayniqsa Lev Tolstoyda.
-Menga adabiyot darsini oʻtmay qoʻya qol. Senga hayron boʻlyapman, Ismoiliy, kecha aybingga iqror eding, bugun millatchining yonini olyapsan.
-Men siyosiy aybimga iqror boʻlganman. Choʻlponning millatchiligini tan olaman. Lekin adabiyot boshqa narsa.
-Bekor aytibsan!-Tergovchi ovozini balandlatib, unga gʻazab bilan tikildi:-Bekor aytibsan!-deb yana takrorladi.-Adabiyot boshqa narsa emas! Sen buni yaxshi bilasan. Boʻpti, bu masalani hozircha ochiq qoldiraman. Sen menga birinchi qamalishing sabablarini yozib kel. Nima edi: “AQD”mi? Oʻsha paytdagi tergovda ming marta takrorlagan gaplaringni yozib ovora boʻlma. Menga yangi gap kerak. Balki “AQD” bilan “Undirkom” oʻrtasida uzilmas zanjir bordir? Oʻsha zanjirning halqalari kimlar? Shu savolga aniq javob kerak. Endi joʻna, jonimga tegding!

Nazortchi koʻringach, Mirzakalon qanday mutelik bilan kirgan boʻlsa, oʻshanday ahvolda bosh egib chiqdi.

Tun yarimladi. Kechalari tergovga chaqirilaverilganidan qush uyqusiga qanoatlanib qolgandi. Shu sababli yotgani bilan uyqusi kelmadi. Tergovchi yana eski gapni kavlayapti. “AQD” haqida toʻliq ma’lumotni bergan. Oʻsha yillari ham yashiradigan sir qolmagan edi. Aslida, yashirishga arziydigan mahfiylik ham yoʻq edi.

“Doʻst”lar...

Oʻqishni davom etdirish uchun Oʻrta Osiyo Davlat universitetining Sharq fakulʼtetiga kirgan, ayni zamonda Yusuf Tohiriyning taklifi bilan u ilmiy mudirlik qilib turgan Oʻzbek ishchilar fakulʼtetida ona tili darsi oʻqitib yurgan kezlar edi. Oʻttizinchi yilning ilk bahor kunlaridan birida kechqurun fakulʼtetda oʻqib turganida Fozil degan oʻrtogʻi kelib, uni hilvatga chaqirdi-da, kolxozlashtirish munosabati bilan quloqlar koʻtargan toʻpalonni pesh qilib, jim turish mumkin emasligini, bu zoʻrlikka qarshi kurashish kerakligini aytdi. Mirzakalon undan qanday kurashishni soʻragan edi, Fozil uyushish, tashkilot tuzish lozimligini bildirdi. Mirzakalon doʻstidan gumonsiramagan boʻlsa-da, bu kabi fitnalar tez-tez uchrab turgani sababli darhol rozilik bera qolmadi. “Oʻylab koʻraman”, degan bahona bilan bu taklifni rad etdi.

Fozil ketdi. Lekin butunlay ketmadi. Oradan bir necha kun oʻtgach, fakulʼtetga kelib, “uyushaylik!” deb, Mirzakalonni yana qistadi. Mirzakalonning “Qanday boʻlarkin?” deb ijirgʻanganini koʻrib “Biz yolgʻiz emasmiz!” dedi. Mirzakalon yana kimlar borligini soʻraganida Abzal bilan til biriktirib qoʻyganini, kerak boʻlsa, boshlab kelajagini aytdi. Mirzakalon bu safar ham roʻyxush bermaganidan keyin, Fozil uchinchi marta endi Abzal bilan keldi va ikkovlashib uning roziligini oldilar.

Birinchi marta qamalganida ham, hozirgisida ham bu voqeani bayon qila turib “Men ana shu kundan tortib Sovet davlatiga, sovet xalqiga qarshi jinoyatkorona kurash boshladim”, degan iqrornomani yozib bergan edi. Tergovchi yana shu masalaga qaytyapti. Maqsadi ayon: unga yangi nomlar kerak. Mirzakalon yangi nomlarni qaerdan oladi? Ayb ularning oʻzlarida: fitnani oxiriga yetkazishda shoshilishdi – oʻzlarining igʻvogar odamlaridan tashqari hech kim bu tashkilotga qoʻshilishga ulgurmadi. Hozir aniq eslolmaydi, oʻsha oʻttizinchi yilning may yoki iyun oylrida edi shekilli, Fozil, Abzal, Qurbon – toʻrtovlon boʻlib shahar bogʻida toʻplanishib, uyushish haqida shu yerda qat'iy qarorga keldilar. Tashkiliy majlisni xotin-xalaj boʻlmgani uchun Mirzakalonning uyida oʻtkazadigan boʻldilar. Oradan bir hafta oʻtmay yana uch oʻrtoq Mirzakalonnikiga kelib, tashkiliy majlisni boshlab yubordilar. Majlisni Abzal, kotiblikni Fozil zimmalariga oldilar. Majlis kun tartibi katta emasdi: tashkilotning nomi; tashkilotning maqsad va maromi; tashkilotning oldida turgan eng yaqin vazifalari; tashkiliy masalalar.

Tashkilotning nomi ustida uzoq tortishuv boʻlmagan edi. Sovet Konstitutsiyasida “SSSR oʻz ixtiyorlari bilan uyushgan milliy respublikalar ittifoqi” deyilgan modda boʻlgani uchun, “oʻz ixtiyori bilan chiqishi ham mumkin”, degan qaror bilan tashkilot nomini “Asosiy Qonun Doʻstlari”, qisqasi – “AQD” deb qoʻyishga qaror qilindi. Tashkilotning maqsad va maromi esa Oʻzbekistonni SSSRdan ajratib, uning tuprogʻida Turkiya singari burjua-demokratik davlati qurishni oʻz ichiga oldi. Tashkilotning asosiy vazifalari sirasiga millatparvar yoshu qarini bu kurash yoʻliga tortish, maorif va madaniyat idoralariga oʻz odamlarini koʻproq joylashtirish orqali maktablar va madaniy muassasalarda oʻz gʻoyalarini kengroq yoyish, varaqalar nashr etish, biron chet el kapitalist davlati bilan aloqa bogʻlab, undan moddiy va ma’naviy yordam olish kiritilgan edi.

Yangi a’zolar masalasiga oʻtilganda Fozil dabdurustdan “Birinchi galda Choʻlpon va Yusuf Tohiriylarni jalb etish kerak”, deb qoldi. Keyin bu taklifini izohladi:
-Choʻlpon barchalarimizning ma’naviy otamiz. Tashkilotni u boshqarsa, xalq unga ergashadi. Yusuf Tohiriy hanuzgacha xotinini paranji ostida tutadi. Singillarining ham ruhoniy otasi ta’siridan qutqarish chorasini koʻrmaydi. Demak, e’tiqodi mustahkam, millatparvar odam. Bizga shunday odamlar juda kerak. Bu ikki kishini tortishni Mirzakalonga topshiraylik. Chunki u Choʻlponga kotiblik qilgan, maqsadimizni toʻgʻri tushuntira oladi. Yusuf Tohiriy bilan esa birga ishlaydi.

Bu taklifni eshitib, Mirzakalon oʻylanib qoldi.
-Gapim yoqmadimi?-dedi Fozil.
-Yoqishga yoqdi. Agar tashkilotimizni ustoz boshqarsalar nur a’lo nur boʻlardi-ya! Lekin Yusuf Tohiriyni tortish... Koʻnmasalar kerak. Chunki, xotinlarini paranjida saqlasalar ham siyosatga aralashadigan toifadan emaslar. Tohiriy – ma’rifatparvar odam, siyosatchi emas.

Choʻlponni tashkilotga tortish gʻoyat muhim va sharafli vazifa ekani yana ta’kidlangach, Mirzakalon bu taklifni rad etolmadi. Keyingi majlisga qadar vazifani bajarishga harakat qilajagini bildirdi. Lekin ular bilan bu haqda suhbatlashishga ulgurmadi, keyingi majlis ham boʻlmadi. Bu fitnani oʻylab topib, amalga oshirayotganlarni kattaroq rahbarlar shoshirishdi shekilli.

Bir kuni Fozil shoshilib kelib Choʻlponning Toshkentda ekanini, Gʻozi Olimning uyida mehmon boʻlib turganini aytib, birga borish qistadi. Choʻlpon Fozilni tanimas, notanish yigit ishtirokida siyosiy masalada suhbatlashishi ham gumon edi. Mirzakalon buni aytsa ham Fozil “Men chetroqda tura turaman”, deb yopishib oldi. Bordilar. Ammo Choʻlpon yoʻq ekan.

Ertasiga, aniq esida – yigirma uchinchi sentyabr kuni Mirzakalon uyida dars tayyorlab oʻtirgan edi. Fozil yana yoʻqlab keldi. Qavat-qavat gazetaga oʻralgan oq “nagan”ni koʻrsatib:
-Berkitib qoʻyaylik, ishimizga yaraydi,- dedi.
-Nega bu yerga olib keldingiz, oʻzingiznikiga berkitsangiz boʻlmasmidi?- dedi Mirzakalon norozi qiyofada.
-Sizniki xilvat, shu yerga yashirsak yaxshi boʻladi. Siz qoʻrqmang, bu toʻpponcha buzuq, birov sizga da’vo qilolmaydi. Vaqti kelganda tuzattirib ishga solamiz,-dedi Fozil.

Mirzakalon unga ishondi. “Doʻstim menga xiyonat qilishi mumkin”, degan gumon uygʻonmadi. “Nagan”ni oʻtinxonaga yashirdilar. Fozil zarur ishlari borligini bahona qilib, shoshilganicha chiqib ketdi. Oradan ikki soat oʻtmay, “organ xodimlari” kirib kelishdi. Birinchi bergan savollari qurol haqida boʻldi. “Qurollarni oʻzing topib berasanmi yo bizlarni qidirishga majbur qilasanmi?” deyishgach, Fozilning shoshilib chiqib ketishi sababini angladi. Oʻzini oqlashga urinish nodonlik ekanini ham fahmladi. “Hamonki, men doʻst deb yurgan odam xiyonatkor ekan, uni himoya qilishimdan manfaat yoʻq”, degan qarorga kelib, avval oʻtinxonadagi “nagan”ni, keyin Hamidaxonidan olib qoʻygan oq “braunning”ni olib berdi. Ajabki, Fozil “nagan”ni buzuq deb ishontirgani bilan, toʻpponcha ishga yaroqli, moylab, tozalangan jangovar holatda edi. Aksincha, Hamidaxoni oʻzini oʻldirish uchun olib kelgan “braunning” yaroqsiz, hatto zanglab ketgandi.

Soʻroq jarayoni bir yilga yaqin davom etdi. Iztirobli kunlarning cheki yoʻqday tuyulgandi. Hozirgi qamoq azoblari oldingisiga nisbatan beshbattar yomon boʻlsa-da, u kunlar iskanjasida koʻproq qiynalgandi. 1931 yilda “AQD” yuzasidan boʻlgan tergov tamom boʻlib “Ish”i “troyka” deb nomlanuvchi uch kishilik yopiq sud hay'atiga yuborilganda, Mirzakalonni “Toshkent DPZsi” deb ataluvchi qamoqxonaga ikkinchi marta chiqarib qoʻydilar. U umumiy kameraga joylangan edi. Borgan kunining ertasiga kamera eshigida Siddiq Xodievga duch kelib qoldi. Salomlashish oʻrniga u Mirzakalonga:
-Men qachon sizlarning tashkilotingizga a’zo edim?-dedi nafrat bilan. Mirzakalon, haqiqatan ham, uning “AQD”ga a’zoligini bilmas edi. Yelkalarini uchirib:
-Qaydam?-dedi va bu tuhmat bilan boshqalar ham qamalganini angladi.

Oʻshanda tergovchi talab qilgan uydirma gaplarni yozib bermagan edi. “Troyka” sudida ham “AQD”ning bir necha kunlik tarixi boʻyicha bilganlarinigina soʻzlagandi. Endi, oradan yigirma yil oʻtgach, nimalarni yozsin? Nima deb yozsa, tergovchining koʻngli oʻrniga tushadi? Qamoqdan chiqqanidan keyin Fozil bilan uchrashganini yozsinmi?

Bu kunni unutib boʻlmaydi. Mirzakalon hali qamoqda oʻtirganidayoq ozodlikka chiqqanida Fozil bilan qanday koʻrishishini, unga nimalar deyishini koʻp oʻylardi. Har holda Fozil osmonga uchib chiqib ketmagandir. “Togʻ togʻ bilan uchrashmaydi, ammo odam odam bilan uchrashadi”, deyishganidek, qamoqda oʻlib ketmasa xiyonatkor doʻsti bilan uchrashishi tayin. Xoʻsh, uchrashgan onida uni ursinmi, tepsinmi yo xumordan chiqqunicha soʻksinmi? Oʻylay-oʻylay bu rejalarning barchasi puch ekaniga ishonch hosil qiladi. Eng toʻgʻri yoʻl – indamaslik. Agar odamiylik libosidan toʻliq chiqib ketmagan boʻlsa, vijdoni qiynaladi. Xiyonatkor uchun eng odil jazo shu! Oʻch olish rejasidan kechgan Mirzakalonning xayolini “Fozil mening qamoqdan chiqib kelishimni, menga roʻpara boʻlishini hech oʻylarmikin?” degan muammo ham band qilib turardi. Hayotda bevafolik koʻp, xiyonat koʻp, adolatsizlik ham koʻp. Bevafo, xiyonatkor, zulmkorlar yomonliklarini ongli ravishda qiladilar. Ayrimlari fosh boʻlgan taqdirlarida oʻzlarini oqlovchi bahonalarni ham tayyor qilib qoʻyadilar. Ba’zilari esa bu haqda oʻylamaydilar ham, oʻzlarini oqlash choralarini izlamaydilar ham. Mirzakalonni qiziqtirgan narsa: Fozil qay toifaga kirarkin? Shuncha yil doʻst boʻlib yurib, uning fe’li atvorini kuzatmagani, yuragidagi qorani sezmagani uchun u faqat oʻzini ayblardi.

Qamoqdan keyingi uchrashuv kutilmaganda yuz berdi. Shaharning markaziy koʻchasi gavjum edi. Mirzakalon Davlat nashriyotiga borayotgan edi. Hashamatli doʻkon yonidan oʻtayotganda Fozilga qoʻqqisdan uchrab qoldi. Fozil xotini Soraxonni Yevropa madaniyati taomiliga koʻra, qoʻltiqlab olgan edi. Mirzakalon u bilan koʻrishmaslik uchun oʻzini boshqa yoqqa burmoqchi boʻldi, lekin vaqt koʻchgan edi. Yuzma-yuz kelib, koʻrishishga majbur boʻldi. Fozil op-oqarib ketdi. Yuragining qattiq oʻynashidan Mirzakalonning rangi ham oʻzgardi. Bir necha damgacha nafasi boʻgʻziga tiqilib, aytarga soʻz topolmay qoldi. Ajabo, nega bunday boʻldi? Buning sababini oʻzi ham bilmaydi. Fozil xotinini joʻnatib yuborib, Mirzakalon bilan bir muddat qoldi. Uning topgan gapi shu boʻldi:
-Har bir kommunist shunday qilishi kerak, ilojim yoʻq edi.

Bu gapdan Mirzakalonning gʻashi kelib, uni soʻz bilan chimchib, yulib olmoqchi boʻldi:
-Oʻldirib qoʻyib, “kechirasiz, men sizni oʻldirib qoʻydim”, qabilidami?
-Nega? Men sizni toʻgʻri yoʻlga soldim,-dedi Fozil Mirzakalonni qaltiroq bosganini koʻrib. Uning bu soʻzlarini Mirzakalon riyokor kishining tilyogʻlamaligi sifatida qabul qildi-da, istehzo aralash nishtarlab dedi:
-Toʻgʻri yoʻlga – qamoq orqali!..

Ortiqcha gap-soʻzga hojat yoʻq edi. Fozil yarashish uchun qoʻl uzatdi. Mirzakalon javobsiz qoldirmadi. Xayrlashish paytida Fozil qattiqroq u esa sekinroq qoʻl siqishdilar.

Ertasiga ertalab Fozil Mirzakalonning uyiga kirib keldi. “Hozir kamharjsiz, shuni ishlatib turing”, deb pul uzatdi. Mirzakalon qat'iy rad etgach, pulni karavot ustiga tashlab, chiqib ketdi. Hovliga chiqa turib oʻtinxona tarafga qarab oldi. Bu Mirzakalonga gʻalati tuyuldi. “Qilgan ishini eslab, pushaymon boʻldi shekilli”, deb oʻyladi. U oʻzini gunohkor deb sezib, gunohini shu pul bilan yuvmoqchimidi yoki “adashganingda seni toʻgʻri yoʻlga solib yuborgan edim, qiynalganingda ham mushkulingni oson qilish doʻstlik burchim”, demoqchi edimi – Mirzakalon bu haqiqatning tagiga yeta olmadi.

Keyingi qamalganida tergovchi “AQD”ni esga olganida doʻsti bilan qay holda uchrashgani bilan ham qiziqqan edi. Shunda Mirzakalon “Men uni hozir qulab yotganim halokat jaridan oʻsha yillariyoq astoydil qutqazishga intilgan sof koʻngilli doʻstim deb emas, aksincha, qabih millatchilik jinoyatlarimizni fosh qilib, bizni dushman qoʻliga tutib bergan xoin deb bilar, oʻzidan, soʻzidan, yuzidan nafratlanardim. Oʻsha damda adashib, xato qilganimni keyinroq angladim...” degan edi. Bu iqroriga tergovchi ishonmadimi? Unga yana qanaqa gap kerak? Mirzakalon uni kechirgan edi. Urushdan keyin uyiga kelib-ketib yurardi. “Undirkom”dan ham xabari bor edi. Nahot eski xiyonatkorligiga qaytdi? Axir “undirkom”dan siyosiy ma’no qidirish kulgili-ku?

Berlindan qaytgach, “Qizil Oʻzbekiston”da bir yil ishladi. Kunduzi uyga borib dam olish, ovqatlanishga koʻp vaqt fursat boʻlmasdi. Boshqalar uchun ish vaqti tugaganda mas'ul kotibning bosmaxonaga doir vazifalari boshlanib, gazeta sahifalaridan quyma qolip olingunga qadar ozgina boʻsh vaqti boʻlardi. Shu vaqtdan foydalanib, redaksiya xodimlari samovorxonada tashkil etgan oshxoʻrlikka borib turardi. Mirzakalon asli palovxoʻrlar toifasidan boʻlgani uchun, Melievning gapi bilan bu toʻpga qoʻshila qolgan edi. Ularning davrasi Riqsi Sohibov, Holbek Yodgorov, Bahrom Rahmonov, Abdulla Olimjonovdan iborat edi. Rahmat Fayziy, Akmal Poʻlat, Ahmad Ismoilov oralab qatnashishardi. Adham Rahmatov bilan Xotam Ikromovlar redaksiyada boʻlganlarida tovoq atrofidagi oʻrinlarini sira boʻsh qoʻymas edilar. Saloh Hasanov boshchiligidagi xodimlarning oʻz davrasi bor edi. Bu oshxoʻrliklarda kim qanday maqola yozgani, gazetada qanday yaxshi yo sayoz maqola bosilgani, bugun kim qanday maqola topshirishi lozimligi, bosilgan she’r, fel'eton yoki hikoyaning sifat va fazilati haqida soʻzlashish bilan birga askiyalar, hazil latifalar ham aytilib turilardi. Siyosat bilan bogʻliq jiddiy gapni birontalari tilga olmas edilar. Bu oshxoʻrliklar mas'ul redaktor Sharof Rashidovning qulogʻiga yetib borib, “choyxonadagi oʻtirishlarni bitirib, kerak boʻlsa uy-uylaringizda madaniy ravishda gurung qilinglar”, deb tayinladi.

Shunday qilib, choyxonadagi sanqishlarga barham berildi-da, har oʻn besh kunda bir marta toʻplanish sharti bilan navbatma-navbat bir-birlarinikiga boradigan boʻldilar. Bu ham shakl, ham mazmun jihatdan “gap”ning oʻzi edi. Urushdan sogʻ-salomat qaytib kelgani va mas'ul sekretar boʻlgani uchun birinchi ziyofatni Mirzakalonning zimmasiga qoʻydilar. U qabul qildi. Kimlarni chaqirish masalasini esa roʻyxat tuzish bilan hal etdilar. Gap tashuvchi, chaqimchilarni davraga qoʻshmadilar. Har sohada hamisha boʻlganidek, Xudo bu idorani ham chaqimchilardan qismagan edi. Shulardan biri haqida oʻzlaricha latifa toʻqigan ham edilar. Redaksiyani “gullatib” yurgan chaqimchi shu qadar uydirmachi, yolgʻonchi ham ekanki, agar u bir kun birov ustidan redaktorga kirib igʻvo qilolmasa, ya’ni bahona topolmasa, oʻzining ustidan igʻvo qilib boʻlsa-da, shu kungi igʻvogarlik normasini bajarib olar ekan. Shu odamga “Lenin uchquni” gazetasi redaktorligini taklif etibdilar. U “qachongacha “Qizil Oʻzbekiston”da mas'ul sekretarlikka orzumand boʻlib yuraman, kichkinaroq boʻlsa ham har holda “redaktor” degan nomi bor”, deb avval rozilik beribdi. Keyin oʻylab qarasa, chaqimchilik qilish uchun gazetada oʻzidan katta odam boʻlmas ekan. Ana shunday qilib, azbaroyi chaqimchilikdan ajrab qolmaslik uchun, redaktorlikdan voz kechibdi!

Xullas, saralab-saralab, ulfat davrasi tuzdilar. Navbatma navbat ziyofat davom etaverdi. Bu oʻtirishlarga uy egasi redaksiya xodimlaridan tashqari oʻzi xohlagan kishilarni ham chaqirardi. Shu tufayli bu ulfat madaniyat ahlining shirin davrasiga aylana bordi. Shohida Magʻzumova va Olim Xoʻjaev kabi artistlar, akademik-shoir Gʻafur Gʻulom, shoir Hamid Gʻulom, yozuvchi Said Ahmad ishtirok etgan davralar gʻoyat qizigan edi. Said Ahmadning ichakuzdi hikoyalari, raqsga tushib ketishi davra chiroyini yanada ochardi. Bu oʻtirishlarda sovetga qarshi gap aytish uchun fursat ham yoʻq edi. “Undirkom” degan gap esa uchinchi yo toʻrtinchi ziyofatdan keyin chiqdi. Mirzakalon, undan keyin Bahrom Rahmonov, Akmal Poʻlat hech kimga yalintirmay, qistattirmay, belgili kunda ziyofatlarni qilib berdilar. Navbat Abdulla Olimjonovga kelganda u “pulim yoʻq” deb turib oldi. Ana shundan keyin bu nomard ulfatdan ziyofatni undirishga toʻgʻri keldi. Buning uchun ortiqcha zahmat chekishga toʻgʻri kelmadi. Mirzakalon qancha pul kerakligini soʻragan edi, u “ming soʻm”, dedi. Mirzakalon Galʼdonining “Ikki boyga bir malay” pʼesasini Hamza teatriga tarjima qilib bergani uchun olgan qalam haqining bir qismini saqlab qoʻygan edi. Shart turib, poʻlat sandiqdan ming soʻm chiqarib berdi. Ana shunda Abdulla Olimjonov kulib yuborib, hazillashdi:
-Obbo Mirza akaey! Qoʻymadingiz, axiri undirdingiz-a! Undirkom, undirkom!-dedi.

Oʻsha ondan boshlab Mirzakalonning davradagi laqabi “undirkom” boʻlib qolgan edi.

Mana endi bu hazil “bir yumalab” siyosiy ma’no kasb etibdi-yu, “Sovet Ittifoqiga qarshi ish olib boruvchi siyosiy tashkilot”ga, Mirzakalon esa bu komitet rahbariga aylanibdi. Tintuv paytida uyidan chiqqan Vali Qayumxonning surati bu da’voni isbotlaydigan yagona dalil edi. “Undirkom” haqidagi gapni tergovchi tilidan dastlab eshitganda Mirzaklon kulimsirab qoʻyib, ruschalab tushintirgandi. Oradan oylar oʻtyapti, tergovchi buni tushunishni istamaydi. “AQD” bilan “Undirkom”ni siyosiy zanjir bilan bogʻlashga zoʻr berib urinadi. Mirzakalon unga bu zanjirni yasab berishi kerak...

Tergovchi zanjirning ayrim halqalarini oʻzicha topgan.

Shularning biri Vadud Mahmudiy edi. Mirzakalon u bilan qamalgan kuni ichki turma kamerasida tanishgan edi. Qoʻrquv iskanjasida kirib kelgan yigitni kutib olib, dalda bergan bu ziyoli odam oʻz taqdiridan soʻz ochib “Men qanday millatchi boʻlay? Men oʻzbek emas, tojik boʻlsam! Meni oʻzbek millatchisi deb ayblayotirlar”, degandi. Siyosiy gaplarni deyarli tilga olmay, tarixdan, diniy mazhablardan soʻzlab oʻtirardi. U bilan suhbatlarda Mirzakalon qamoqxonada emas, sharqshunoslik institutining oʻquv xonasida oʻtirganday his qilardi oʻzini. Vadud Mahmudiyning gaplari bilan oʻsha paytdagi tergovchi ham koʻp qiziqdi. “Davlat toʻntarishiga qanday tayyorgarlik koʻrayotganini soʻrab, bil”, degan topshiriqni ham berdi. Bu topshiriqni bajarmagani uchun Mirzakalon tepki ham yedi. Yigirma yildan soʻng boʻyniga yana tuhmat sirtmogʻini tashlab boʻgʻayotgan bu tergovchining dardi ham shu. Yigirma yil muqaddam Vadud Mahmudiy davlat toʻntarishi yasashni oʻylagan boʻlsa oʻylagandir. Buning uchun qamoqda oʻtirib chiqdi. Bularga yana nima kerak?

Mirzakalon bularning oʻtmish bilan qiziqishlari sababini qancha oʻylamasin, topa olmayotgan edi. Oʻtmishda bir qarmoqqa ilinganlarni yana qayta qamayotganlari asossiz ekanini bilganlar ham moʻm tishlab turishardi. Buning asl sababini esa koʻpchilik bilmasdi. Gap shundaki, urushdan keyin gʻarbiy oʻlkalarda, Boltiq dengizi boʻyidagi jumhuriyatlarda “Sovetlarga qarshi unsurlarni”, urush yillari fashistlarga xizmat qilgan yoki hayrixoh boʻlganlarni ushlab qamash avjiga chiqdi. Tabiiyki, Moskvadagi yuqori idoralar qaysi joyda, qancha odam qamoqqa olingani hisobini qilib turganlar. Yanada tabiiyki, joylardagi xodimlarning qanday jonkuyarlik va fidoyilik bilan ishlashlari qamalganlar soni bilan baholanardi. Ukrainada har oy bir necha ming dushman qoʻlga olinib, qamalganda Oʻzbekistonda bu raqam bir necha yuzni tashkil qilgani, bu yerdagi xodimlarning sustligidan dalolat sifatida baholanardi. Bu past bahodan qutulishning birdan bir yoʻli esa - qamash boʻyicha raqamlarni talab darajasiga yetkazish edi. Buning eng oson yoʻli avval qamalganlarni yana bir elakdan oʻtkazish, soʻng esa “Sovet hokimiyatining olijanobligiga shukr qilish oʻrniga yana jinoiy harakatlarini davom ettirayotganliklari uchun” qamoqqa tiqish edi.

Qamoq kamerasida oʻtirgan Mirzakalonga, nafaqat unga, balki yuz minglarcha jafokashlarga bu oddiy haqiqat qorongʻu edi. Ajabki, oradan yillar oʻtgach ham qorongʻuligicha qolaveradi.

Mirzakalon oʻzini zoʻrlab boʻlsa-da, “AQD” tarixini qaytadan yozdi. Avvalgi ma’lumotlarga hech qanday yangilik qoʻshmadi. Oshxoʻr ulfatlarning hazili tufayli yuzaga kelgan “undirkom”ga siyosiy libos kiydirishni xayoliga ham keltirmadi. Shu “undirkom” bahonasida begunoh oshxoʻrlarning jazoga tortilishi mumkinligini bilgani uchun ham har bir soʻzni yozishda ehtiyot chorasini unutmadi. Garchi, tergovchi Aleksandr Aleksandrovich oʻzbek tilini bilmasa-da, uning har bir harf nima ekan, har bir belgini kavlashtirib, siyosiy xato topib beradigan yordamchilari borligini bilmaslik nodonlik boʻlur edi.

Besh tun tinch oʻtdi. Mirzakalonni soʻroqqa chaqirmadilar. Tergovchi kasalmidi, yo safarda edimi yo muhimroq ish bilan bandmidi, har holda bu kunlar va tunlar mobaynida uning yozayotgan iqrornomasi bilan qiziqmadi. Mirzakalon uning yoʻqlovini kutmay, bayonini davom ettirdi. Tergovchi dastlabki soʻroq kunlari uning urushdagi ishtirokini “vatanparvarlik burchini bajarish” deb emas, fashistlarga asir tushib, xorijga qochib qolishga bahona edi, deb baholagandi. Stalingraddan to Berlinga qadar bosib oʻtilgan minglarcha chaqirim yoʻl davomida fashistlar tomonga oʻtib ketishga minglarcha sharoit tugʻilgan paytlarda nima uchun oʻtib ketmagani bilan qiziqmadi. Tergovchi uchun aybnomaning mantiqqa asoslangan boʻlishi shart emasdi. Uning uchun muhimi – mahbus aybnomaga iqror boʻlishi va oʻzining mal'un ekanini asosli ravishda isbot qilib berishi shart edi.

VI

Janggoh... “Qochish” niyati

Urush goʻyo hayot elagi edi: odamlarni elardi. Kim elakning tirqishlaridan tushib, qoʻliga qurol olganicha jangga joʻnardi. Kim elakning simlariga yopishib olib issiq oʻrnida qolishni xohlardi. Mirzakalon muxbirlar koʻp yozgani kabi “qalb amri bilan, koʻngilli ravishda” frontga otlanmadi. Koʻp qatori unga ham harbiy komissariatdan chaqiruv qogʻozi keldi. Nomdor yozuvchilarning bu safarbarlikdan olib qolinishi aniq edi. Partiya uchun ularning miltiq otishidan koʻra, bombadan ham kuchliroq hisoblangan soʻz quroli bilan jang qilishlari, ta’bir joiz boʻlsa, “partiyaning sodiq jarchilari” sifatida bunda qolishlari muhimroq edi. Mirzakalon nomdor yozuvchi darajasiga yetmagan, tarjima kitoblari, maqolalari inobatga olinib, unga “bronʼ” – frontga borishdan ozod etiluvchi imtiyoz qogʻozi berilishi gumon edi. Chaqiruv qogʻozini olishi bilan safarga hozirlandi. U urushga borishdan, u yerda oʻlib ketishdan qoʻrqmasdi. Uni besh farzandining moʻltillab qarab turgan koʻzlari iztirobga solardi halos. Farrux, Flora, Faridasi ancha ulgʻayib, onasiga yordamchi boʻlib qolishdi. Lekin Hasani bilan Oyzuhrasi endi-endi tetapoya qilib yuribdi... Besh bolani boqish Zuhraxoniga oson boʻlmas... Muxbirlar xalqni “dushmanni tez kunlarda yanchib tashlaymiz”, deb ishontirishmoqchi boʻlishyapti. Dehqon yoki choʻpon bu gaplarga ishonayotgandir balki. Lekin dunyo voqealarini sergak kuzatuvchi ziyoli ahli, jumladan, Mirzakalon ham, bu urushning uzoq davom etishini sezib turishadi. Bugun farzandlari, yaqinlari bilan vidolashayotgan yigitlar tirik qolgan taqdirlarida ham ayriliqlari oylar, yillar davom etajagini bilishmaydi. Qoʻlida biron marta ham miltiq ushlamagan boʻz yigitning urushdan tirik chiqishi ham mahol... Urush – ayriliq, urush – azob... urush – oʻlim, hamma ayriliq dardi bilan azob chekadi, lekin hamma oʻlmaydi. Urushni oʻlim deb urushdan qolish chorasini topganlarning qanchalari Gʻalaba kuniga yetib bormay oʻlib ketdilar. Mirzakalon harbiy komissariatda “bronʼ” olib quvonganlarning mashina halokati tufayli oʻlganlarini eshitib, “ajaldan qochishning hecham iloji yoʻq, ajalning “bron”i boʻlmaydi”, deb qoʻygan edi.

Urushda ekanida “urushdan keyin uyimga qaytib faqat bir kungina yashasam ham armonim qolmas edi”, deb orzu qilardi. Stalingradda qiyomat olovi ichida qolganida “uyimda bir soatgina yashasam edi”, deb Xudoga iltijo qilgandi. Bir soat, bir kun emas, salkam besh yil yashash nasib qilgan ekan. Buning mukofotigami, qamoq azoblari ham qismatida bor ekan. Yo peshonasiga shu qamoq azoblari yozilgani uchun urushdan tirik qaytdimikan? Xudo urushda millionlarcha otilgan oʻqlar yomgʻiridan uni omon saqladi. Bu yerda bittagina oʻq kifoya... Oʻsha oʻq otiladimi? Uyiga qaytish nasib etadimi? Bir kungina... bir soatgina... bir daqiqaga boʻlsa ham mayli. Soʻnggi nafasini uyida, ozod holida olsa bas...

Tergovchi nemislar tomonga oʻtishga intilgansan, deb da’vo qilyapti. Uch yil mobaynida farzandlarini sogʻinib yashagan odamga bunday da’vo qilishning oʻzi ahmoqlik edi. Agar yigitlik chogʻi shu imkoniyalar boʻlganida ehtimol, oʻtib ketardi. Shunda ham Vatanga xiyonat qilish uchun emas, Vatan ozodligi uchun chetda turib kurashmoq maqsadida oʻtardi. Endi besh bolani qaqshatib ketish... Farzandlari koʻzlaridan tomgan bir tomchi yoshning uvoli tutmaydimi? Dunyoni qonga belayotgan fashist bergan bir tishlam non tomogʻidan oʻtar ekanmi?

Bularni tergovchi tushunishi qiyin. Tushuntirishga harakat ham qilmaslik kerak. Unga iqror kerak boʻlsa, yozib beradi oʻsha iqrorni. Yozmasa... birinchi galda xotini Zuhraxonga daf qiladilar. “Xalq dushmanining xotini” deb qamalganlar qismatini Mirzakalon biladi. Hatto oʻsmirlarga ham “dushman bolasi” deb ayb taqab qamashlari hech gapmas. Ayniqsa, Zuhraxonga qoʻshimcha ayb sirtmogʻini osonlik bilan yasaydilar. To yigirma toʻrtinchi yilgacha Oʻshda qozilik qilgan Oxunjon qozining qizini dushmanlikda ayblash ular uchun qiyin ish emas...

Shularni oʻylab yotgan Mirzakalonning yuragi oʻynab, turib ketdi. Huddi hozirning oʻzida yaqinlari qamoqqa olinayotganday, shoshildi. Qoʻliga qalam olib yoza ketdi:

“Gitler Germaniyasi SSSRga xiyonatkorona hujum qildi. SSSR xalqlari oldida abadiy ozod boʻlib qolish yo fashizm qulligiga tushish, bor boʻlib qolish yo yoʻq boʻlib ketish masalasi turar edi. Ana shu xatarli paytda sovet xalqining koʻp farzandlari qatori men ham Sotsialistik vatanimiz mudofaasiga chaqirildim. Men bilan birga Mumtoz Muhamedov, Ma’ruf Hakimov va boshqa yozuvchilar Toshkentdagi Piyoda askar ofitserlari tayyorlash maktabiga yuborildik. Biz u yerga 1942 yilning may oyida kirib bordik. Men bilan Mumtoz pulemyot rotasiga, Ma’ruf Hakimov boshqa batalʼonning oʻqchi rotasiga joylandik. Bizning rotamizda Mumtozdan boʻlak oʻzbeklar ham bor edi. Ularning bir qanchasi bilan apoq-chapoq boʻlib ketdim. Ammo ularning ism-familiyalarini unutganman yoki toʻliq bilmayman. Bir yigitni “Mamat bola” deganimiz, yana Rasul degan yigit yodimda qolgan. Dam olish daqiqalarida men ularga oʻn olti mamlakatning texnika va jonli kuchi bilan ustimizga balo-qazodek yopirilib kelayotgan Gitler oʻrdularini qaytarish u yoqda tursin, toʻxtatish mumkin emasligi haqida gapirdim. Oʻshanda oramizda tahminan mana shu mazmunda gaplar boʻlardi:
-Nemis balo ekan, bizning urugʻimizni oʻynatib yubordi-ku!
-Hozir frontga borish – laqqa goʻsht boʻlish-da!
-Borishga-ku, boramiz-a, lekin jonni jabborga berib urushadigan goʻsxoʻr topilarmikin?
-Ie, borganingdan keyin urushmay chorang qancha?!
-Chorasi yoʻq narsa yoʻq.
-Nima demoqchisan? Yo sekin...
-Shu-da, sekin oʻtamiz-ketamiz.
-Rost aytasan, oʻtish-ketish – boshqa gap yoʻq!

Bunday suhbatlarda Mumtoz kam boʻlardi, boʻlgan paytlarida esa bizga tanbeh berardi. Dushmanchilik, sotqinchilik maqsadida aytilgan bu fikrlarning konkret egalarini oradan koʻp yillar oʻtib ketganligi uchun hozir eslay olmayman. Hozir aytishim mumkin boʻlgan aniq gap: harbiy maktabda bir gruppa tashkil qilib, frontda dushman tomonga xiyonatkorona oʻtib ketish haqidagi rejamiz shu sabablar bilan amalga oshmay qoldi:

1. 1942 yilning iyulʼ oʻrtalarida harbiy maktabning kursantlaridan “kursantlar polki” tashkil etilib, frontga joʻnatildi. Menga hamfikr boʻlgan Mamat bola va Rasullar shu polk safida frontga ketishdi. Men ularning taqdirlari nima boʻlganini hozirgacha bilmayman. Maktabda Mumtoz bilan men qoldim. Hamfikrlar ketishgach, Mumtoz bilan bu haqda gaplashmadik.

2.Men ham uzoq turmay, 1942 yilning 15 avgustida frontga joʻnab ketdim. Maktabda Mumtozning oʻzi qoldi.

Urushdan soʻng uyga qaytganimda Mumtozni OʻzTAGda koʻrdim. U rais muovini boʻlib ishlar ekan. Harbiy maktabda ekanimizda dilimda tugʻilgan reja haqida gaplashmadik. Mumtoz Oktyabrʼ raykomiga sekretarʼ boʻlgandan keyin ham meni esdan chiqarmadi. 1949 yilda, Yozuvchilar soyuzining uchinchi plenumi boʻlib turganda, soyuzga mashinasini yuborib, meni uyiga oldirib ketdi. Borsam, u yerda Adham Yunusov, uning xotini Hasana, mening xotinim Zuhra oʻtirishibdi. Mumtoz meni quvonib qarshi oldi. Plenumda boʻlgan gaplardan soʻradi. Usmon Yusupov oʻzini yaxshi koʻrganligini, yaqinda Ministrlar Soveti huzuridagi San'at ishlari boshqarmasiga boshliq boʻlib koʻtarilajagini aytib, qoʻlbola musallas bilan xoʻb mehmon qildi. Mumtoz Muhamedovning Adham Yunusov bilan qanday aloqasi borligini men fahmlamadim. Bu yerda organni qiziqtiradigan gaplar boʻlganini eslay olmayman.

Yozuvchilar soyuzining shu plenumida, plenumdan keyin jamoatchilik meni ishdagi kamchiliklarim tufayli qattiq tanqid qilib yurgan kezlari, 1950 yilning sentyabrida San'at ishlari boshqarmasining boshligʻi Mumtoz Muhamedov meni oʻz boshqarmasi huzuridagi Repertuar komitetiga boshliq qilib oldi. Bir kuni, uning xonasida, oramizda shunday gap boʻlib oʻtdi: u vaqt Koreya xalq demokratik respublikasining territoriyasini Amerika aeroplanlari yirtqichlarcha bombalamoqda edilar. Men shu tufayli xalqaro havoning buzilayotganini, yana urish boshlanishi ehtimoli borligini aytdim. Shunda Mumtoz istehzo bilan kulib turib:
-Namozning qazosini oʻqir ekansiz-da?-dedi.

Men uning kinoyasini tushungan boʻlsam ham aniqlab olmoqchi boʻldim:
-Ya’ni?
-U safar oʻtolmovdingiz, bu safar oʻtar ekansiz-da...

Mumtoz mening harbiy maktabdagi nodonlarcha tuzgan rejamni yodimga solib, tanbeh bergan edi. Men yoshlikda kallaga har turli ahmaqona fikrlar kelishini roʻkach qilib, oʻshandan beri astoydil pushaymonda ekanimni aytdim...”

Bu satrlarni yoza turib, qoʻli tolganday, qalamni qogʻoz ustiga tashladi. Aslida qoʻli emas, qalbi tolgan edi. Xayolni chalgʻitish, ruh xordigʻini chiqarish maqsadida badantarbiya qila ketdi. Odatda badantarbiya ertalab qilinar edi. Bu yerda erta va kechning farqi yoʻq, hafta kunlaridan qay biri oʻtayotganini ham bilmaydi. Shunday ekan, qachon xohish boʻlsa, badantarbiyani boshlayveradi. Nafas olishi tezlashib, peshonasidan muzdek ter chiqqach, harakatlarini bas qilib, karavotiga oʻtirdi. Temir eshik darchasi ochilib, peshinlik taomni uzatishdi. Bir burda qora non bilan boʻtqani yeyish ham uning uchun ogʻir vazifa. Qoʻl – itoatkor, qoshiqni oladi, boʻtqani ogʻizga olib boradi. Ogʻiz ham itoatkor – ochiladi, taomni qabul qilib oladi. Ammo tomoq oʻjar, bu bemaza taomni oʻtkazmayman, deb qaysarlik qiladi. Til boʻtqani ogʻiz boʻshligʻida aylantiraveradi, goʻyo tomoqni aldamoqchi boʻladi. Pastroqda oshqozon ham nolib, “bemaza boʻlsa ham oʻtkazib yuboraver, menga baribir”, deydi. Tomoq bu talablarga boʻysunadi... Urush davridagi taomlar bemazalikda bunisidan qolishmasdi. Lekin uni yeyishda bunchalik qiynalmasdi. Bemaza boʻlsa ham taomni ozodlikda yeyishning gashti boʻlakcha ekanini bu yerda his qildi.

Harbiy maktabdan uni toʻgʻri janggohga yubormadilar. Ular shahardan tashqariga chiqib, Gʻazalkent yaqinidagi Ozodbahshda amaliy mashgʻulotlar oʻtkazishayotgan edi. “SAVO” deb atalmish Siyosiy boʻlim vakili kelib, Mirzakalonni chaqirdi-da, Toshkentga olib qaytib Jalolov ihtiyoriga topshirdi. Jalolov “politruk” – siyosiy rahbar unvonida edi. Stalingrad frontida tashkil etiladigan oʻzbekcha front gazetasi “Qizil Armiya”ga redaktor oʻrinbosari qilib tayinlangan Jalolov bopta xodimlar tanlash bilan band edi. U Mirzakalondan frontga borish istagi bormi-yoʻqligini soʻradi. Aslida urush chogʻi harbiy kiyimdagi odamdan bunday savol soʻralishi qiziq edi. Mirzakalon bu savolni rasmiyatchilik uchungina berilganini anglab: “El boshiga tushgan toʻy, istakka oʻrin yoʻq”, deb qoʻydi. Jalolov vazifalarini tushuntirgan boʻlib, soʻng tahririyat xodimlari bilan orqavarotdan tanishtirdi:
-Men va sizdan boshqa mashhur til olimi, hamshahrim, leytenant Ulugʻ Tursunov, Erberg degan yahudiy olimi, korrektor Solih Abdukarimov, mashinistka-kotiba Zefo Shamsuddinova, metranpaj Abdurahim Oʻrozov, linotipchi Zikrillo Umrzoqov, hammasi boʻlib yetti kishimiz. Ochigʻini aytsam, sizning oʻrningizga Abdulla Qahhorni moʻljallagan edim. Lekin SAVO koʻnmadi, uning front ortida qiladigan ishlari koʻp ekan.

Ikki kundan keyin yoʻlga tushishdi. Ular felʼdmarshal Paulʼs qoʻmondonligidagi qoʻshin Stalingradga tahdid solayotganini axborot oqimi orqali bilishardi. Lekin doʻzaxning yer ustiga koʻchganini oʻsha yerga borib koʻrishdi. Olamning chumolidan ham haqirroq ekaniga ham shu yerda guvoh boʻlishdi. Ularning tahririyatlari joylashgan vagon janggohdan nariroqda boʻlsa-da, portlayotgan bombalarning gumbur-gumbur tovushi yaqqol eshitilib turardi. Ba’zan esa adashgan bombalar shu yaqin atrofda portlab, barchaning jonini halak qilardi. Oqshom chogʻi spirtga suv qoʻshmay ichib, qizishib oʻtirishganda portlagan bomba vagonni ham qalqitib yubordi. Jalolov jonholatda sakrab turib ketgan hamkasblariga qarab kuldi:
-Bunisi holva, hali nemis bir bombalasin, bir bombalasin-ki, sichqonning ini ming tilla boʻlib ketsin. Keyin qarabmizki, Ulugʻ Tursunovning ikki qoʻli yoʻq, Mirzakalonning ikki oyogʻi yoʻq!-shunday deb koʻzlarini ayyorona qisdi:-Toshkentga qaytishadi-yu, koʻchada tilanib oʻtirishadi!-U kulgidan toʻxtab, yupatish ohangiga koʻchdi:-Xafa boʻlmanglar, oʻtgan-ketganda bir soʻm-yarim soʻm sadaqa berib turaman.

Bu sovuq gap hazil tariqasida aytilgan boʻlsa-da, badandan muz yugurganday tuyuldi.
-Nafasingizni issiqroq qiling, yaxshi gapga ham, yomoniga ham farishtalar “omiyn” deb turisharkan.
-Men-ku, yaxshi nafas qilarman-a, lekin Gitlerning bombalari farishtalaringizning “omiyn”i bilan hisoblashib oʻtirmasa kerak.

Ulugʻ Tursunov bu gapdan achchiqlanib, tashqariga chiqib ketdi. Jalolov esa urush falsafasi haqidagi fikrlarini Mirzakalonga bayon qilib, uning boshini qotirdi. Avvaliga Qamishinda koʻrganlarini aytib, koʻzlariga yosh oldi:
-Qamishinda nuqul oʻzbek yaradorlarini koʻrdim. Bechora oʻzbek allakimlarning dasht-sahrosini saqlayman, deb qoʻydek qirilib ketyapti! Urushga boʻyindan bogʻlangan itday keltirib solinayotgan, ta’lim koʻrmagan askar bilan gʻalaba qozonib boʻlmaydi. Hademay Stalingrad ham payhon boʻladi, sovet ham iniga kirib ketadi. Sovet jangchilarining fidoyiligini maqtagan siz bilan men esam ahmoq boʻlib qolaveramiz. Dunyod ahmoq boʻlib oʻlishdan azobliroq narsa yoʻq.

Mirzakalon uni kayfi oshib qolgan, deb gumon qilgani uchun ortiqcha bahslashmadi.

Ertasiga Jalolovni tahririyat partiya tashkilotiga shoshilinch ravishda chaqirib qolishdi. Oradan uch soatcha vaqt oʻtgach, u ruhi siniq holda qaytdi. Maqola yozish bilan band boʻlgan Mirzakalon unga qarab qoʻydi-yu, ahvolini sezsa ham, sababini soʻramay, ishini davom ettirdi. Oradan bir necha daqiqa oʻtgach, Jalolov chuqur “uf” tortgach, ezgin ohangda gap boshladi:
-Mirzakalon, bu vagon nimadan yasalgan, bilasizmi?

Mirzakalon savolning noʻnoqligidan ajablanib, boshini koʻtarib unga qaradi-yu, lekin javob bermadi.
-Gʻildiraklari temirdan, tepasi taxtadan, deysiz-da, shundaymi? Men ham shu fikrda edim. Gʻildiraklari temirdanligi rost. Lekin tepasi quloqdan yasalgan, bilmasangiz bilib oling.
-Bir gap boʻldimi?
-Bir emas, ancha gap boʻldi. Yaxshiyam bu quloq eshitganlarini Konotopga yetkazibdi, undan nariga oʻtganida men hozir boshqa joyda dabdalam chiqmagan taqdirda ham soʻroq qilinayotgan boʻlardim.
-Biron igʻvo chiqibdimi?
-Igʻvo emas, bor gap. Kechagi hazilim redaksiya xodimlarining dushmanga nafratini susaytirib, gʻalabaga boʻlgan haroratini sovutish maqsadida aytilgan ekan. Qisqasi, “qoʻporuvchi” degan jandaga oʻrab qoʻyishlariga oz qoldi.
-Oʻsha “quloq” men emasmanmi, ishqilib?-dedi Mirzakalon.
-Sizdan gumonim yoʻq. Agar siz boʻlganingizda urush siyosatida katta xatoliklarga yoʻl qoʻyilayotgani haqidagi gapim bilan asfalasofilinga joʻnab qolardim. Umuman... hech kimdan gumonim yoʻq. Toshkentdaligimda chiroyli, silliq qalamingiz uchun emas, millat uchun yona olishingizni, yuragingizning tozaligini hisobga olib, sizni tanlagan edim. Sizni tavsiya qilganlarning ham yuragi pokiza. Bizni bir dard birlashtiradi. Ammo dardkash boʻlishdan qoʻrqamiz. Hozircha siz ham “quloq”dan ehtiyot boʻling. Bu doʻzaxdan omon chiqib olsak bas.

Kutilmagan uchrashuvlar

Mirzakalon oʻshanda “farishtalar “omiyn” deb yuboradi”, deb bekorga ogohlantirmagan edi. Oradan bir yil oʻtmay, poezd-redaksiyalari Dnepr sohilida turganda nemis aeroplani tashlagan bombadan portlab ketdi. Zefo halok boʻldi. Jalolov esa yaralanib, majruh holatida uyiga qaytdi. Ayni paytda yuzlab bombalar portlayotgan jang maydonida boʻlgan Mirzakalon esa omon qoldi. “Yuz yil qirgʻin boʻlsa, ajali yetgan oʻladi”, deb shunga aytadilar.

Bu falokat Mirzakalonni ogʻir ahvolga solib qoʻydi. Avval Ulugʻ Tursunov, keyin Erberg boshqa xizmatga yuborilgan edilar. Gazetaning barcha tashvishi ikki kishining zimmasida edi. Bu ham holva ekan, Jalolov ketgach, bosh muharrir oʻrinbosari ham, tahririyat kotibi ham, tarjimoni, harbiy muxbiri ham, hatto texnik xodimi ham yolgʻiz oʻzi edi. Shunday kezlarda barcha gazetalarning muharrirlari Moskvaga chorlandi. Garchi Mirzakalon bu lavozimda boʻlmasa-da, boshqa odam yoʻqligi uchun u ham safarga joʻnatildi. Bosh Siyosiy Idora tomonidan Moskvada chaqirilgan frontlardagi milliy gazetalar redaktorlarining kengashmasida oʻzbekistonlik gazetachilardan Rustam Abdurahmonov, Adham Rahmatov, Sharif Boʻlatov, Rasuljon Muhamedovlarni koʻrib boshi koʻkka yetdi. Ular bilan avvaldan tanish boʻlgani bilan, sirdosh, dardkash emas edi. Shu bois oʻzaro oʻtgan suhbatlarda siyosatga aloqador gap-soʻz boʻlmagan edi. Faqat bir marta, choy ichib oʻtirishganda Adham Rahmat adabiyotdan soʻz ochib qoldi:
-Abdulla Qahhorning hikoyalarini oʻqiyapsizlarmi? Yozilishi yomon emas-ku, lekin jang tafsilotlari tasvirlari ancha sayoz-da.
-Urush koʻrmagan odamdan yana nimani talab qilasiz?-dedi Rustam.
-Jang tafsiloti, jangchi kechinmalarini berishga chiroyli soʻzlar tizimi yetarli emas, doʻzax azobini his qilish kerak,-dedi Mirzakalon Adhamning fikrini qoʻllab.
-Urushni oʻz koʻzi bilan koʻrmay turib ham his qilish mumkinmi?- Rustam shunday deb oʻz fikrini qat'iylik bilan himoya qildi.
-Mumkin,-dedi Mirzakalon ham boʻsh kelmay,- Lev Tolstoy Napoleon bosqinini koʻrmagan edi-ku? “Urush va tinchlik”da his, tuygʻu yoʻq, deb kim ayta oladi?
-Buning uchun urushni koʻrmay turib yozadigan odamda Lev Tolstoy qalami boʻlishi kerak.
-Tolstoy qalamini oʻzi bilan goʻriga olib ketgan deb oʻylaysizmi? Navoiyni bergan xalqdan Tolstoydan oʻtib ketadigan yozuvchi chiqmas ekanmi?

Mirzakalonning bu gapi oʻtirganlar uchun balandparvoz boʻlib tuyulishidan tashqari, oʻtmishni sogʻinishdan ham tashqari, siyosiy xato mavjudday tuyulib, kulimsirab qoʻya qolishdi, mavzuni davom ettirishmadi. Oʻzbeklar orasidan ulugʻ rus xalqining buyuk yozuvchisidan a’loroq adib yetishmogʻi orzusi zamiridan oʻzgacha ma’nolar oqib chiqishini barchalari sezib, suhbatni bas qilganlari bir tomondan yaxshi ham boʻlgan edi. Mirzakalon buni sezib, chekish bahonasida tashqariga yoʻl oldi. Adham Rahmat ham shu bahonada unga ergashdi.
-Jangda oʻlayotganlar bizning zimmamizga katta vazifa yuklab ketishyapti,-dedi u papirosini tutatib.-Agar urush haqiqati haqida romanlar yozilmasa, xalq yozuvchilardan rozi boʻlmaydi. Shularning bir nechasini siz yozishingiz kerak boʻladi.
-Nima uchun men? Nima uchun Adham Rahmat emas?-dedi Mirzakalon hazil ohangida.
-Siz badiiy adabiyot maydoniga kirib kelgansiz. Men esa publitsistman. “Urush va tinchlik” darajasida asar yozish uchun Qodiriy qalami kerak, Choʻlponning ehtirosi bilan qalbi kerak. Sizda ikkovi ham bor. Choʻlponning shogirdidan talab katta boʻladi.
-Qaysi Choʻlpon? Millatchi, xalq dushmani Choʻlponni aytyapsizmi?

Bu gapni eshitib Adham Mirzakalonga norozi qiyofada qaradi. Soʻng bosh chayqab, dedi:
-Biz hozir ikki kishi gaplashyapmiz. Orada uchinchi odam boʻlsa, shunday desangiz ayb hisoblanmasdi. Bilaman, ogʻzingiz kuygan, qatiqni ham puflab ichasiz. Lekin haqiqat bitta – koʻz yumishga haqqimiz yoʻq. Demak, urush haqidagi romanni birinchi boʻlib siz yozasiz.
-Nima, roman yozishga sizning kuchingiz yetmaydimi? Oʻzingizga oʻzingiz ishonmayapsizmi?
-Gap kuchda, ishonishda emas. Men bir qarorga kelib qoʻyganman. Tirik qolsam, urushdan keyingi vazifam tayin: oʻzingiz ham kuzatayotgandirsiz, yuzlab askar yigitlarimiz nomsiz qabrlarga koʻmib tashlanishyapti. Uylariga “bedarak yoʻqoldi” degan ikki satr xabar yuborishyapti. Urushdan keyin oʻsha “bedarak” qahramonlarning nomini tiklashga hayotimni bagʻishlayman.
-Adhamjon, agar malol olmasangiz vazifangizga jindek tahrir kiritsam,-dedi Mirzakalon quvlik bilan,- Urushdan keyingi birinchi vazifangiz, uyga qaytishingiz bilan toʻxtovsiz ravishda toʻy qilsangiz-u, hayotingizni birinchi galda umr yoʻldoshingizga bagʻishlasangiz. Qayligʻingiz sizni sogʻingandan sogʻingandir, xat yozaverib charchab ham ketgandir.
-Kunda boʻlmasa ham haftada ikki-uch xat yozishi rost,-dedi Adham ma’yus kulimsirab,-oʻzim ham qanot chiqarsamu uchsam deb yashayapman.

Shundan soʻng mavzu oila sogʻinchlariga koʻchdi. Ularning suhbati qorongʻulik bagʻriga singib ketdi, hech kimga oshkor boʻlmadi.

Qalam ahli orasida siyosiy mavzuda gap ochilmagani tergovchiga ma’lum ekan shekilli, soʻroq paytida “ular kim edi, milliy masalada nimalar deyishdi?” deb qiyin-qistovga olmadi. Uni koʻproq Meliev, ayniqsa Fozil bilan boʻlgan uchrashuvlar tafsiloti qiziqtirardi.

Melievni koʻrgandagi quvonchi rost. Quchoqlashib koʻrishgani ham rost. Moskvaga yoʻl olganida frontchi gazetachilar orasida vatandoshlarini koʻrishga umidi bor edi. Lekin Toshkentdan kelgan qalam ahli bilan uchrashuvi yetti uxlab, bir tushiga kirmagandi. Birinchi qamoq muddatini oʻtab chiqqanidan keyin Oʻzbekiston Davlat nashriyotida ishlab yurganida orttirgan qadrdoni shu Meliev edi. Meliev bilan xizmatdagina emas, ishdan soʻng yo ish oralarida palov suzilgan tovoq atrofida ham harvaqt birga boʻlishardi. Tergovchi “Meliev bilan qachon tanishgansiz, u haqda fikringiz qanday?” deb soʻraganida “Meliev “Oʻzdavnashr” partiya tashkilotida sekretar boʻlib turgan kezlarida ham, keyin “Qizil Oʻzbekiston” gazetasi redaksiyasining partiya hayoti boʻlimida ishlab yurgan paytlarida ham, millatchi degan sha’nim borligiga qaramay, menga oʻzini hamisha yaqin tutar edi. Haqiqat, adolat xotiri uchun e’tirof etishim kerakki, Melievdan, u bilan tanishganimizdan to Sovet Armiyasi safida chet elga oʻtganimizgacha, biron “antisovet” gap eshitgan emas edim. Moskvada baxtli tasodif tufayli koʻrishganimizda ham faqat Toshkentdagi shoʻxliklarimizni, birga qilgan palovxoʻrliklarimizni eslashdik”, deb javob bergan edi.

Meliev “oʻldirsa ham osh oʻldirsin”, deguvchi toifadan edi. Urushdan keyingi ulfatda ham hoziru nozir boʻlgan bu doʻst “undirkom” degan hazil atamani eshitishi bilan xaxolab kulib, shu-shu tildan qoʻymaydigan boʻlgan edi. Elliginchi yil adogʻida qamoqqa olinguniga qadar “undirkom” Mirzakalon uchun hazil atama edi. Bu hazilning siyosiy atamaga aylanishi ham oʻsha ayni ijodkorning “xizmati” ekanini dastlabki soʻroqlar davrida u tasavvur ham qila olmas edi.

Qirq uchinchi yil oxiridagi oʻsha quvonchli uchrashuvda biron bir folbin kelib, hali bu doʻstingdan ham xiyonat koʻrasan, desa Mirzakalon uni igʻvogar va fitnachi deb bilib, urib tashlashi ham mumkin edi. Mirzakalonning omadi kulib, Oʻzbek sovet adabiyoti oʻn kunligi bayramining oxirgi tadbirlarida ishtirok etish baxtiga erishdi. Birinchi uchrashuv kuniyoq Meliev uni qalam ahli joylashgan “Moskva” mehmonxonasiga boshladi. Derazalaridan Kremlʼ, Lenin mavzoleyi koʻrinib turadigan mehmonxonada Gʻafur Gʻulom, oʻshlik doʻsti Izzat Sulton, xonanda Karim Zokirovlarning shirin ulfatiga qoʻshilishdi. Mirzakalon suvdonidagi spirtni oʻrtaga qoʻygach, ulfat yanada jonlandi. Meliev choʻntagidan karta chiqargach, “yigirma bir” qimor oʻyini boshlanib, hammaning diqqat-e’tibori oʻrtadagi pulga qaratildi. Garchi oʻyin, jiddiy qimor emas, hazil-huzul, doʻstona tarzda boʻlsa-da, yutgan odam yutqizganga qaytarib berishi shartligi ta’kidlanib turilsa-da, ehtiroslari haqiqiy edi. Mirzakalonning qoʻli baland kela boshlagach, Gʻafur Gʻulom “Bu kapitan ikki qultum spirt quyib berib shoʻrimizni qurityapti-ku? Izzat, Toshkentga piyoda joʻnaymiz shekilli?” deb kuldi. Mirzakalon yutib olgan pullarini oʻrtaga qoʻyayotganda Meliev Gʻafur Gʻulomga qarab jilmaydi-da, erkalash ohangida xirgoyi boshladi:

Zumurrad chambar ichra qatra olmosdir qulogʻida,
Suman bargida shambnam aksidir, yo koʻz bulogʻida
Demam shabnam, qamar atrofida ziynatli kavkablar,
Iqomat tuzmish ul yulduz iki abru qirgʻogʻida.

Karim Zokirov qoʻshiq soʻzlarini bilmagani uchun xirgoyiga qoʻshila olmadi. Biroq, tek oʻtirolmay, likopchani olganicha chertib, joʻr boʻldi. Bunday oʻzbekona ulfatni sogʻingan Mirzakalon Melievga qoʻshildi. San'at ishqi unga otasidan oʻtgan. Ismoilxoʻja dutor chertishda Andijonu Oʻshga dong taratgan edi. Toʻntarishlar boshlangunga qadar Xolxoʻja joʻraboshi boʻlgan ulfatning bulbuli sanalardi. Xolxoʻja qoʻliga qurol olgandan keyin ham koʻngli tusagan kezlari Ismoilxoʻjani qarorgohiga topdirib kelardi. Chetga oʻtib ketishda uni ham da’vat qildi, lekin “dehqon odamga chetda nima bor?” deb Ismoilxoʻja unamagan edi. Turli ulfatlarga chorlanaverib joniga tekkach, oxiri dutorini bir urib sindirgan, shundan soʻng uning taronasini, xirgoyisini birov eshitmagandi. Garchi dutorni urib sindirgan boʻlsa-da, san'ati oʻgʻli Mirzakalonga, qizi Sanobarga oʻtgandi. Ismoilxoʻja farzandlarining Toshkentda oʻqib yurgan kezlari havaskorlik sahnasida olqish olayotganlaridan bexabar edi. Mirzakalon Kremlʼ yonidagi mehmonxonada sarxush oʻtirgan onda oʻsha havaskorlik sahnasini, unda oqqush kabi suzuvchi birinchi muhabbati Hamidaxonni eslab, Melievga beixtiyor joʻr boʻla boshlagan edi. U qoʻshilgach, Meliev jim boʻldi. Mirzakalonning shirali ovozi Karim Zokirovni sehrlab, undan koʻzini olmadi. Mirzakalon davra ahlini maftun qilayotganini sezmay, koʻzlarini yarim yumib kuylardi:

Sharafli baxt erurim, har nafasda yor yuzin oʻpgay,
Agar tun boʻlsa nozik halqalar ikki yanogʻida.
Hamisha men Gʻulomiy sirgʻaga sohib u dilbarning,
Necha kundirki, Chustiy ikki baldoqning soʻrogʻida...

Qoʻshiq nihoyasiga yetgach, Karim Zokirov likopchani doira kabi chertib, zavq bilan “Doʻst! Yash-shang, kapitan!” deb qoʻydi.

Gʻafur Gʻulom ham huzurlanib, tebrandi-da, koʻzlarini ayyorlik bilan qisib hazillashdi:
-Bu erotik she’rni qaerdan kavlab topdilaring? Oʻzimning ham esimdan chiqib ketuvdi.
-Andijonda yozilgan she’rni andijonliklar unutishmaydi,-dedi Mirzakalon quvlik bilan.

Oʻzaro hazil ohangini Izzat Sultonning keskin va jiddiy gapi boʻldi:
-Gʻafur aka, siz bagʻrikeng odamsiz. Lekin duch kelgan odam bilan mushoira qilishingiz yarashmaydi. “Teng tengi bilan” boʻlishi kerak. Mushoira qilgan shoiringiz sizday pokiza bir odamning sha’niga balchiq chaplab qoʻyishi mumkin.

Bu gapni eshitib, Gʻafur Gʻulom qoshlarini chimirdi:
-“Teng tengi bilan” boʻlgani yaxshi. Lekin “kengga keng dunyo” degan gaplar ham bor. Kengroq boʻlavering Izzatvoy.

Bu soʻz olishuvi Mirzakalonga oʻtkinchi gapday tuyulgan edi. Bu yerdan chiqishgach, Meliev uni yana bir xonaga boshladi. Xona sohibini “Respublika sogʻliqni saqlash xalq komissari” deb tanishdirdi-da, “Aka, Qizil Bayroq ordeni bilan mukofotlanganingizni eshitib, doʻstimiz Mirzakalon sizni frontchi oʻzbek jangchilari nomidan tabriklash uchun atay kelibdilar” , dedi. Mirzakalon bu kishini birinchi marta koʻrishi, yangilikni ham endi eshitishi edi. Shu bois bir oz gangib turdi-da, keyin sovuqqina qilib “Ha, tabriklaymiz, qutlugʻ boʻlsin”, dedi. Xona sohibini tanimasa-da, uning mehmonini yaxshi bilardi. “AQD” bahonasi bilan uni turmaga tiqqan Fozilning Xalq komissari bilan kon'yak ichib oʻtirishi uni lol qoldirdi. Fozil qizishib oʻtirgani uchunmi yo Mirzakalonni koʻrib, eski xotiralar yukidan yuzi qizarib ketdimi, bilish mushkul edi. Mirzakalon koʻrishgach, undan sal naridagi boʻsh oʻringa oʻtirdi. Fozil bir necha daqiqa boshini quyi solib oʻtirgach, oʻrnidan qoʻzgʻolib, uning yoniga kelib, mehribonlik bilan hol-ahvol soʻradi. Mirzakalon eski adovat, eski kek oʻtini oʻchirishga harakat qilib, yaxshi muomala qildi.Fozil uning ochiq-chochiq gaplasha boshlaganidan quvonib, Yozuvchilar soyuzi berayotgan ziyofatdan keyin “Metropolʼ” mehmonxonasiga kelib, u bilan kechalashini iltimos qildi.

Xalq komissarining ordenini “yuvish” ziyofatida kon'yak bilan kayfni chogʻlab, dahlizga chiqishganda Mirzakalon hamshahri Komilni koʻrmoqchi boʻldi. Komil Yashin bilan Halima Nosirova qoʻngan xona eshigi ochiq edi. Mirzakalon asta taqillatishiga javoban ichkaridan “kiravering”, degan taklifni eshitib, hijolatsiz kirib keldi. Er-xotin qutilardagi mevalarni saralash bilan band edilar. Yoʻlda urinib qolgan olma-yu, nok, anorlarni alohida ajratib qoʻyishgan edi.
-Ziyofat quyuq boʻladi shekilli?-deb hazil qildi Mirzakalon, ular bilan soʻrashib olgach.
-Ziyofatmas,- dedi Yashin qaergadir shoshilayotganini yashirmay. –Halimaxonning ustozlarini bir yoʻqlab qoʻyaylik.
-Mirza aka, mevalardan oling, olmalarni sogʻingandirsiz?-dedi Halima uringan olmalarga ishora qilib. Xotinining lutfini amalga oshirish uchun Yashin qurtlab, ezilgan ikkita olmani olib doʻstiga uzatdi. “Katta hurmat bilan qilingan bu mehmondorchilik” Mirzakalonga malol keldi:
-Men hamshaharlarimni sogʻinuvdim. Olma Ukrainada ham koʻp. Shirasi biznikidan qolishmaydi. Aytmoqchi, bu yil Oʻzbekistondagi mevalarga qurt tushib ketganmish, deb eshituvdim. Tagʻinam, omadingiz chopib, bitta-ikkita yaxshisini topibsizlar. Ustozingiz hursand boʻladi.

Shunday degach, bu yerga kirganiga afsuslanib, sovuqlik bilan hayrlashdi-yu, chiqdi. Yozuvchilar soyuziga a’zo boʻlgani uchun uyushtirilayotgan ziyofatga tortinmay bordi. Yurtdoshlari bilan chaqchaqlashib, sogʻinch oʻti haroratini bir oz boʻlsa-da, pasaytirish ilinji bilan davraga qoʻshildi. Ziyofatga oliy maqomda tayyorgarlik koʻrilgan edi. Toʻkin dasturxonni koʻrgan odam bir necha yuz chaqirim narida qirgʻin boʻlayotganiga, atrofda odamlar ochlikdan qaqshayotganiga ishonmasligi mumkin edi.

Boʻsh joyga oʻtirgan Mirzakalon yonidagi odamni koʻrdi-yu, yaqindagina Gʻafur Gʻulom davrasida tilga olingan shoirga qoʻshni boʻlishdan negadir yuragi gʻashlandi. Yozuvchilar, ayniqsa frontdagi adiblar oilasining moddiy ta’minotiga gʻamxoʻrlik qilishi lozim boʻlgan Adabiyot fondini boshqaruvchi bu shoirning xotinlarga shilqimligi koʻp qatori unga ham ma’lum edi. Lekin urushgacha boʻlgan davr mobaynida ulfatchilik qilmagan, oralarida gap-soʻz qochmagan edi.

Koʻngil hech qachon aldamaydi, bu safar ham shunday boʻldi. Yonma-yon oʻtirgandan keyin gaplashish kerakmi – kerak! Uyoqdan-buyoqdan gaplashdilar. Gap orasida Mirzakalon oilasini sogʻinganini, bolalarini koʻrgisi kelayotganini aytdi. Shunda u shoir ma’nodor qilib kulimsandi-da, yo mastlikdan yo bezbetlikdanmi dedi:
-Xotinlar u yoqda judayam sargʻayishib qolgani yoʻq, xursand qilib turibmiz...

Bu gapni eshitgan Mirzakalonning qoni miyasiga urildi, koʻzlari gʻazabli nafrat bilan yondi:
-Kimlarning xotinini xursand qilib turibsiz?-dedi qaltiraganini sezdirmaslikka tirishib. Shoir uning chovutga xezlangan qoplondek holatini sezmadi shekilli, oshkor tubanlik bilan:
-Umridan baraka topsin, Adham Rahmatning charosdek shiringina qayliqchasi bor ekan...

Bu haqoratli soʻzlar Mirzakalonning es-hushini oldi. “Biz, aziz bolalarimizni, sevgili xotinlarimizni tashlab, frontda ne-ne azoblar chekib yursagu, bunga oʻxshagan bir toʻda buzuqi eng razil pastkashlik bilan ovora boʻlsa?! Buzuqligi yetmaganday, oʻz ogʻzi bilan frontchiga maqtanib oʻtirsa?!” Shu gʻazab oʻtida oʻzini yoʻqotib, toʻpponchasini qinidan qanday sugʻurganini, chap qoʻli bilan shoirning yoqasidan olganini oʻzi ham sezmay qoldi. Toʻpponcha tepkisini bosishga ulgurmadi. Uni tez ajratib oldilar. Mehmondorchilikda hurmatli kishilar koʻp edi. Ayniqsa toʻrda oʻtirgan general Sobir Rhimovning ajablanib qarashi Mirzakalonga ta’sir qildi. U oʻtirganlarga vaziyatni tushuntira olmasdi. Qilgan tezligidan va e’tiborli joyda koʻtargan xunuk janjalidan uyalib, ziyofatdan chiqib ketdi. Sovuq koʻchada bir oz daydib yurdi. Keyin kunduzi ichilgan spirt kayfi tarqab, Fozilning taklifini esladi-da, “Metropol” mehmonxonasi tomon yurdi. Fozil uni kutayotgan edi. Shu uchrashuv bahonasida oʻtmish dogʻlarini butunlay yuvib yuborish maqsadi bormidi, har holda, shohona boʻlmasa-da, ikki kishilik dasturxonni shay qilib qoʻygandi. Uning yozuvchilar ziyofati haqidagi savoliga Mirzakalon tayinli javob qilmadi. Noxush voqeani ham tilga olmadi. Buning oʻrniga yaqinda VKP(b) a’zoligiga nomzod boʻlib qabul qilinganini aytdi. Fozil uni quchib, astoydil tabrikladi. Soʻng ichish boshlandi. U uchrashuvdan Mirzakalon faqat shuni eslaydi halos. Alam bilan ichilavergach, qaysi es-hush egasiga itoat eta olarkan? Oʻshanda Fozil kelajakda yuqori martabalar kutayotganini bashorat qilgan edi, agar turmadagi bu xonada yakka-moxovdek kun koʻrish yuqori martabaga kirsa, demak, toʻgʻri aytgan ekan.

“Dastasi oʻzimizdan...”

Dastlabki soʻroq kunlari tergovchini oʻsha uchrashuv koʻp qiziqtirdi. Mirzakalon ichib, mast boʻlib qolishiga shoirning gapi sabab ekanini ayta boshlaganida tergovchi uning yuziga bir tarsaki tushirib, gapini boʻlgan edi:
-Bu shoiringni menga pesh qilaverma. Uning kimligini yaxshi bilamiz. Besoqolbozligi uchun u boshqa yerda javob beryapti. Doʻrmondagi bogʻdan Toshkentga qaytishda Hamdamov ham oʻsha shoirni otib tashlamoqchi boʻlgani ham bizga ma’lum. Lekin biz bunaqa irkit ishlar bilan shugʻullanmaymiz. Bizga “AQD”dagi doʻsting bilan nimalarni gaplashganingni aytib ber!

Bu shunchaki tahdidmi yo birontasidan chaquv boʻlganmi? Yo Fozilning oʻzi eski hunaridan tonmay, toʻqib-chatib yetkazganmi? Unda nimalarni toʻqigan ekan? Uydirmaning ma’nosini bilganida aytmagan gaplarini “aytdim” deb iqrornoma yozib berardi. Endi nimani yozsin? Harbiy sirni oshkor qildim, desinmi yo “Turkiston legioni”ga qochib qolishga da’vat qildim” desinmi?

Moskvadagi ham quvonchli, ham gʻashli kunlar ortda qolib, frontga qaytdi. Uning koʻngli faqat bir narsadan hotirjam edi. Meliev bilan xayrlashayotganida tahririyatda bir oʻzi qolib qiynalayotganini aytib “Agar sizga ham chaqiruv qogʻozi kelayotgan boʻlsa, gazetamiz ihtiyoriga chaqirib olaylikmi?” deganda Meliev bu taklifni quvonch bilan qabul qilgandi. Mirzakalon poezd-redaksiyasiga yetib kelishi bilan “Krasnaya Armiya” gazetasining Bosh redaktoriga taklifini yetkazdi. Mirzakalon bilan sinashta boʻlgan Potapov oʻsha kuniyoq Front Siyosiy boʻlimi orqali Melivni tahririyat ihtiyoriga chaqirtirdi.

Melievning kelishini kutib yurgan kezlari, qish kunlarining birida gazetaning yangi sonini tayyorlab oʻtirganida tibbiy xizmat kapitani kiyimidagi bir odam kirib kelib, oʻzbekchalab salomlashdi.
-O-o, Mirzakalon, eson-omonm bormisiz? Koʻrishgan joyimizni qarang-a! Qor tizzadan, sovuq yelkadan,-deb chaqchaqlashib koʻrishdi.

Mirzakalon tanimagani bu kishiga odob bilan muomala qildi, uni “Qizil Armiya”ga redaktor oʻrinbosari boʻlib kelgan kishidir, deb oʻyladi. Kapitan oʻtirdi, ismini aytdi: Qodir Tohirov.
-Yusuf Tohiriyning avlodlaridan emasmisiz?-deb soʻradi Mirzakalon, undan koʻz uzmay.
-Ha, men u kishining amakivachchalari boʻlaman. Meni tanimadingizmi? Men esa sizni yaxshi taniyman.

Mirzakalon uni avval koʻrmagan edi. Shunga qaramay, Yusuf Tohiriyning qarindoshini oʻziga yaqin olib suhbatlashdi. Front orqa tomonida sanitar nazoratida xizmat qilayotgan Tohirov ertasiga ham keldi. Ikki-uch kundan keyin yana kelishga va’da berib xayrlashdi-yu, biroq, va’dasini bajarmadi. Urush sharoitida ixtiyori oʻzida boʻlmagan ofitserdan buning uchun gina qilinmaydi. Mirzakalon kutilmaganda uchrashib, tez ajrashgan yurtdoshini koʻrish umidida yurdi. Oradan oylar oʻtib, front chizigʻi Polsha yerlariga koʻchgan paytda Mirzakalonning oʻng qoʻli oʻz-oʻzidan ishlamay qoldi. Tibbiy boʻlimga murojaat qilgan edi, xastalik sababini asabdan deb bilib, Belaya Podlyaskaga joylashgan gospitalga shoshqich ravishda joʻnatishdi. Davolanib yotganini birovdan bildimi yo oʻz ishi bilan gospitalga kelib, ittifoqo koʻrib qoldimi, haytovur Tohirov Mirzakalonning roʻparasida kutilmaganda paydo boʻldi. Mirzakalon tugʻishganini uchratganday quvonch bilan koʻrishdi. Gospital yoʻlkasida kezishib, uzoq gaplashdi.

Tohirov Choʻlponning koʻp she’rlarini yod bilar ekan, koʻzlarini yarim yumib, hayajon bilan oʻqidi.

Mening oʻyimmi qora? Yoki yurt koʻkida bulut,
Quyuq bulut toʻdasi qonli yosh toʻkib yigʻlar?
Mening bu xasta dilimni yana nechun tigʻlar?
Menim-da koʻksima boqmoqchi istar ul bir oʻt?
Boʻgʻiq, qisiq bu koʻngil kuchli oʻt bilan yonadir.
U oʻt orasida yurtning xayoli jonlanadir...

Satrlarni oʻqigach, bir zum tin oldi, xoʻrsindi, soʻng dedi:
-Choʻlpon oʻz nomiga munosib – yorugʻ yulduz, she’riyat olamida hamisha charaqlab turgan quyosh!

Mirzakalon soʻz aytishga ulgurmay, u yana she’r oʻqiy boshladi. U Choʻlpon she’rlarini oʻqiganda, oʻzi ham shoirday, soʻz torining yuqori pardalariga koʻtarilar, soʻng esa fikrini bayon qilardi:
-Choʻlpon Navoiy, Fuzuliy, Firdavsiy, Nizomiy kabi oʻlmas, abadiy hayot shoirlari ichida bizga yana ham yaqin, biz uchun yana ham shirin, qadrdon, jonajon shoirdir! Chunki u bizning qullik kunlarimizni buyuk hasrat, zoʻr faryod bilan hardam yodimizga solib turgan, ozodlik yoʻlida aziz jonini ayamay kurashga chorlovchi sozini qoʻymagan ulugʻ insondir!

Mirzakalon Tohirovning qizishib, kuyikib aytgan soʻzlarini batamom tasdiqlab:
-Shunday ulugʻ inson ketdi-ya!-dedi afsus bilan.

Bu tasdiq Tohirovning boshqa dardlarini ochib yubordi. Endi u boshqa millat fidoyilarini ham eslay ketdi:
-E-e, Choʻlponginam! Millat otaxoni Munavvar qori, Abdulla Qodiriy, Fitrat, Botu, Elbek... bular qani? Qaysi yalmogʻizga yem boʻldi bular?

Oraga tushgan hayajonli qisqa sukunatdan keyin Qodir Tohirov achchiqqina kuldi-da, tishlarini gʻijirlatib dedi:
-Ruschasiga “Po shuchʼemu veleniyu” deganidek, “ogʻamiz”ning buyrugʻi bilan oʻldirildi.

Tohirovning bu gaplarni qoʻrqmasdan ochiq aytishi Mirzakalonda “bu odam maxsus boʻlimning hufyasi emasmi?” degan shubha uygʻotdi. Tohirov undagi bu oʻzgarishni sezdimi, ayanch bilan jilmaydi:
-Mendan havfsiramang, qoʻrqmang,-dedi.- Sizning kimligingizni bilganim uchun dardimni toʻkyapman. Agar dardimni toʻkmasam yorilib ketishim kerak. Odam odamga ishonmasa... qanday zamon boʻldi! Oʻlganimizda ichimizni yorib qarashsa, darddan irib-chirib ketganini koʻrisharmikin? Osmonning ustuni yoʻqligi ma’lum. Lekin millatning ustunlari boʻladi. Bu ustunlar kesildi... Mirzakalon, siz ularga yaqinroq edingiz. Nega kesildi bu ustunlar? Bir-birlarining ildizlariga bolta urdilarmi? Eshitganmisiz: bir oʻrmonda bolta paydo boʻlib, daraxtlarni bir boshdan kesa boshlabdi. Shunda daraxtlar najot ilinjida qari emanga borib, maslahat soʻrashibdi. “Bolta deganlaring nimadan yasalgan?”-deb soʻrabdi qari eman. “Temirdan”, deyishibdi. “Dastasi-chi?”, deb soʻrabdi qari eman. “Dastasi ogʻochdan”, deyishibdi. Shunda qari eman afsus bilan “Dastasi oʻzimizdan ekan, najotdan umid yoʻq”, degan ekan.
-Dastasi oʻzimizdan boʻlganlar ham bor edi. Biroq, ulugʻlarimiz orasida nifoq boʻlmagan. Ustoz “Kecha va kunduz”ni menga oʻqib berib fikrimni soʻraganlarida hayajonlanib “Qodiriyona yozilibdi”, devdim. Shunda ustoz bosh chayqab, e’tiroz bildirdilar. “Qodiriy qoʻl uzatib yetib boʻlmaydigan yulduz, Xudo bunaqa ulugʻ zotni ulugʻ xalqqa necha yuz yilda bir beradi”, deganlari hozirgacha qulogʻim ostida jaranglab turibdi. Bir-birlarini bu qadar ulugʻlaydigan ulugʻ zotlar qoʻllariga bolta oladilar, deb oʻylashlik xato. Ularning qoʻllari bolta uchun emas, qalam uchun yaratilgan edi. Vazifalariga xiyonat qilmadilar.

Urushdan keyin Tohirov bilan Yusuf Tohiriyning uyida koʻrishishdi. Biroq, atrofda odamlar koʻp boʻlgani uchun dardlasha olmadilar. Faqat koʻz qarashlari bilan gospitaldagi uchrashuvni eslagan boʻldilar.

Urush yillari koʻngilni ezadigan voqealardan tashqari xush yoqadiganlari ham boʻlgan. Lekin turmaning bir kishilik kamerasida oʻtirgan Mirzakalon alhol bularni yodga olishga urinmaydi ham. Uning xayolini faqat tergovchini qiziqtirayotgan voqealargina band etgan. Tergovchi Tohirovga doir gaplar bilan koʻpam qiziqmadi. Demak, gospitaldagi uchrashuv bayonini chetlab oʻtsa ham boʻladi. Balki, “Yangi Turkiston” jurnaliga koʻproq toʻxtalgani ma’qulmikin? Lekin bu jurnalga tegishli mahfiy gap yoʻq. Oʻsha kunlarning oʻzidayoq ma’lumot tegishli idoraga berilgan edi-ku?

Siyosiy boʻlim aralashgan ish bitmasdan qolmaydi - qirq toʻrtinchi yilning erta bahorida Meliev front gazetasining tahririyati ixtiyoriga keldi. Yarim yil mobaynida katta front gazetasini bir oʻzi chiqarib qiynalib ketgan Mirzakalonning yuki yengillashdi. Meliev oshxoʻrlikda tengsiz ulfat edi, biroq millat taqdiriga doir masalada hamfikr, hamdard emasdi. Shu bois, bu mavzuda sira gaplashmas edilar. Meliev tajribali gazetachi, sadoqatli komunist sifatida vazifasini a’lo darajada bajarardi. Polsha oʻrmonzori yoqasidagi kichik bekatga joylashgan vagon-redaksiyalarida maqola yozib oʻtirganida rus redaksiyasining rassomi Mirzakalonga bir jurnal va bir kitob uzatdi:
-Fashistlar tashlab qochgan yertoʻlada yotgan ekan, nazarimda siz tushunadigan tilda yozilganga oʻxshaydi, koʻring-chi,-dedi u.

Rassom keltirgan jurnal va kitob, haqiqatan, u tushunadigan tilda, ya’ni “turkistoncha” yozilgan, nemis alifbosiga moslashtirib lotincha harflarda bosilgan edi. Bunday topildiqning oʻzicha oʻrganishi, qiziqishi yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligini bilgani uchun Mirzakalon varaqlab oʻtirmay, toʻgʻri redaktori polkovnik Potapov huzuriga kirdi-da, rasmiy ravishda, harbiychasiga voqeani bayon qildi. Potapov avval jurnalni, soʻng kitobni varaqlab koʻrgach, hech narsa tushunmagani uchun Mirzakalonga qaytarib, sinchiklab oʻqib chiqishni va qisqa mazmunini rus tilida bayon qilib yozib berishni topshirdi.

“Yangi Turkiston” jurnali qirq toʻrtinchi yilning iyulida Berlinda chop etilgan edi. Unda asosan milliy-siyosiy masalalar oʻrin olgandi. Ularda Mirzakalonning koʻnglidagi gaplar yozilgan, haqiqat aks etgan boʻlsa-da, “Vatan xoinlari, bir toʻda qochqindi, Gitler yuvindixoʻrlari, sotqin millatchilar shaykasi tomonidan toʻqilgan tuhmat satrlari”, deb baholashga majbur boʻldi. Rassom bu jurnal va kitobni yertoʻladan topib oldim, degani bilan Mirzakalon uning samimiyligiga ishona olmas edi. Front mahsus boʻlimi uning “AQD” boʻyicha qamalganini biladi. Turli masalalarda bir necha marta “shirin suhbatga” chorlagan. Yana bir fitna, bir igʻvo bilan sinab koʻrmaydi, deb kim ayta oladi? Shubhasizki, Mirzakalon yozib bergan bayon ularning qoʻliga borib yetadi. Oʻrtada fitna boʻlmagan taqdirda ham, ular jurnal bilan kitobni boshqalarga ham koʻrsatadilar va ikki (yoki uch) fikrni taqqoslab oʻrganadilar.

Kitob “Ravshan” imzosi bilan yozilgan voqeiy hikoyalar toʻplamidan iborat edi. Mirzakalonga yozuvchining uslubi tanishday tuyuldi. Bu tahallus ham unga yangilik emasdi. Bu borada bir fikrga kelishga ikkilanib turganida Meliev safardan qaytdi. Jalolov janggohga qilgan safaridan qaytgan kezlari jangchilarning ahvolidan ezilib gapirardi. Meliev esa uning aksi, safar taassurotlari koʻtarinki ruhda boʻlardi. Yozgan maqolalari ham shu martabada edi. Meliev bu gal ham odatiga xiyonat qilmadi. Oʻzbek jangchilarining qahramonlik namunalari koʻrsatayotganini joʻshib gapirdi. Mirzakalon oʻzbek jangchilarining mardligini hech qachon inkor qilgan yoki gumon ostiga olgan emas. Yuzlarcha oʻgʻlonlarning qahramonlik martabasiga lozim koʻrilgani hazilakam gap emas. Uning oʻzi ham yozgan maqolalarida bu botir oʻgʻlonlarni samimiy tarzda olqishlagan. Janggohlarda sodir boʻlib turadigan adolatsizlik esa qalbiga tikandek sanchilganicha qolavergan. Jalolov bilan bu haqda goh-goh dardlashib turardi. Biroq, “Bedardning oldida boshimni ogʻritma”, degan hikmatga amal qilib, ulfati Meliev bilan bu masalada soʻz yuritishga koʻngli bormasdi.

Meliev taassurotlarini muxtasar qilgach, stol ustida turgan jurnal bilan kitobga diqqatini qaratdi. Jurnalni olib varaqladi, qaerdan va qanday kelib qolganini soʻrab bilgach, kitobni oʻqishga kirishdi.

Bu onda Mirzakalon karavotiga chalqancha choʻzilib, qoʻlini boshiga bolish qilganicha oʻyga toldi: xuddi shu yerda bir necha kun avval uning vatandoshlari boʻlishgan. Mirzakalon ularni ehtimol tanir. Ehtimol, urushdan oldin qaerdadir qaysi biri bilandir choy ichishgandir. Endi urush tarozusining bir pallasida oʻzi, boshqa pallasida esa “Ravshan” deb imzo chekuvchi adib turibdi. Mirzakalon hamisha millat ozodligini orzu qilgan. Lekin bu orzuga yetishmoq yoʻlini bilmagan. “AQD” tufayli qamalib chiqqach, singanday boʻldi, ammo qalb toʻridan oʻrin olgan orzusidan voz kecholmadi. Garchi tomirlarida siyosatchi qoni oqmasa-da, har bir masalaga ijodkor sifatida ehtiros bilan baho berib, qiziqqonlik bilan xulosa chiqarsa-da, urushga kelgach, adolat qay tomonda ekanini farqlay oldi. Yuz minglab oʻzbek oʻgʻlonlari yurak qonini toʻkayotgan kunlarda, ota yurtda millionlab yurtdoshlari qon qusib ishlayotgan kezlarda bu urush sababchisi fashizmni yoqlashi mumkin emasdi. Fashizmda oʻz millati ozodligini koʻrish nodonlik ekaniga allaqachon iymon keltirgandi. U bir tobelikni ikkinchi tobelik bilan almashtirishni emas, chinakam yurt ozodligini orzu qilardi.

Meliev kitobni bosh koʻtarmay oʻqib chiqdi-da:
-“Ravshan”ning kimligini bildingizmi?-deb soʻradi.

Mirzakalon “men bilolmadim, bilsangiz ayting”, deganday qarab qoʻydi.
-“Ravshan” deganlari urush boshlaridayoq bedarak boʻlib ketgan xorazmlik shoir Matyoqub Abdullaev boʻladi,-dedi Meliev, katta bir kashfiyot qilib shodlangan odam kabi faxr bilan.
-Gapingizning ohangidan bunga ishonchingiz qat'iyga oʻxshaydi. “Osobist”ga buni isbot qilib berish kerak,-dedi Mirzakalon qaddini koʻtarib.
-Isboti qiyin emas. Matyoqub urushdan avval shu tahallusda “Mushtum”ga maqolalar yozib turardi. “Ravshan”ning aynan Matyoqub ekanini mana bu toʻplamdagi Majidiy haqida yozilgan hikoya ham tasdiq etadi. Matyoqub Majidiyning yaqin oʻrtogʻi edi. Majidiyning qamoqqa olinishida ishtirok etgan boʻlsa ajab emas.

Meliev hech qanday kashfiyot qilmadi, faqat Mirzakalonning tahminini tasdiqladi xalos. Mirzakalon tuni bilan oʻtirib, Potapovning vazifasini bajardi: nonushtadan soʻng tahlil bayoniga qoʻshib kitob bilan jurnalni ham topshirdi. Oʻz vagoniga qaytganida Meliev safarda toʻplagan ma’lumotlari asosida maqola yozishni boshlagan edi. Mirzakalon kirgach, unga oʻgirilib qarab soʻradi:
-Redaktor nima dedi?
-Nima derdi? Darrov maxsus boʻlimga joʻnatdi. Unga bosh ogʻrigʻining nima keragi bor? Bosh ogʻrigʻi, ogʻaynijon, bizga atalgan. Erta yo kechi bilan indinga “osobist” bilan uchrashuvga tayyorlanavering. Yo birontasi keladi yo chaqirtirishadi. Chaqirtirishsa bilingki, masala jiddiy. Bu yedagilar, shunday hol yuz bersa, yoʻlga otlanishganda ehtiyotdan xayrlashib, soʻng ketadilar. “Osobist”ning boshida nima gap, qanday reja borligini hech kim bilmaydi. Agar sizni chaqirib qolishsa, Matyoqubni tanimasligingizni aytganingiz durust.
-Men kommunistman, toʻrisini aytaman. Menga balo ham urmaydi. U bilan oshxoʻrlik qilmaganman, xiyonatiga ham sherik emasman. Undan nafratlanaman.

Mirzakalon buni eshitib, urushdan avvalgi ulfatchiliklarda Meliev tez-tez takrorlashni yaxshi koʻradigan gapni esladi. Osh suzib kelingach, Meliev laganga qoʻl uzatishdan oldin “Kommunistchasiga ishlaymiz va kommunistchasiga oshalaymiz”, deb qoʻyardi. Buni hazil deb qabul qilishsa-da kulishmas edi. Melievning hozirgi gapi undagi ohangdan ancha farq qilardi.
-Bu gapingizga men yuz foiz ishonaman. “Osobist” ham ishonar, deb umid qilishdan oʻzga choram yoʻq,-dedi Mirzakalon.

Meliev uning bu haqda gaplashish istagi yoʻqligini sezib, ishini davom ettirdi. Besh-oʻn satr yozgach, toʻxtab, yana Mirzakalonga oʻgirildi-da, voqeiy hikoyalarning badiiy saviyasi haqida gapira ketdi. Mirzakalon uni diqqat bilan eshitgach, fikrini loʻnda va qisqa bayon qilib qoʻya qoldi:
-Asarning tili til emas, tili kesilgan kishining duldirashi. Chulchut tili bundan a’lo!-dedi.
-Siz yozuvchi koʻzi bilan oʻqib, tanqid qilyapsiz. Lekin oddiy oʻquvchi siz koʻrgan kamchiliklarni sezmaydi ham. Uning uchun tasvirlangan voqea muhim, aytilayotgan gap muhim.
-Agar tasvir goʻzal boʻlsa, gap ifodasi yoqimli boʻlsa oʻquvchi ham unga koʻngil qoʻyadi. Chulchit tilidagi bayonni esa bir marta oʻqisa oʻqir, keyin koʻngli aynib qaramay qoʻyadi. Oʻquvchini didsizlikda ayblamang. Siz osh damlashga uquvsiz boʻlsangiz ham palovxontoʻraning sifatini yaxshi ajrata olasiz. Tuzi past yoki shoʻr boʻlsa, piyoz qizimagan yogʻda qovurilgan boʻlsa, ishtaha bilan yermikinsiz?

Mirzakalonning bu oʻxshatishi ma’qul kelib, Meliev xaxolab kulib yubordi. Keyin yana oʻz fikriga qaytdi:
-Ammo, baribir “Qizil shapkalilar” bilan “Moʻylovli kishi”ni boplapti, qizitaloq!-dedi faxr bilan.

Darhaqiqat, “Qizil shapkalilar” hikoyasida Rahmat Majidiyni qamashga kelgan GPU xodimlariga nisbatan qizaloqning nafrati ta’sirli bayon etilgan edi. Mirzakalonga kitobdagi boshqa hikoyalar ham yoqqan edi, lekin Jalolov ogohlantirganiday, devorlari “quloq”dan iborat boʻlgan bu vagonda hatto ishongan doʻsti bilan ham ochiq gaplashishni istamayotgandi. Ravshanning ijodi haqidagi gap bir suhbat bilan yakun topmadi. Meliev bu haqda tez-tez gap qoʻzgʻab, oqibatda Mirzakalonda shubha uygʻotdi. Ikkovlon jurnal va kitobdagi “Zavqiy”, “Boqizoda”, “Ober-leytenant Bek Olmon” imzolarining egalari kim ekanini aniqlay olmadilar.

Bir kuni Meliev vagonga xursand holda kirib kelib, xushxabar aytdi:
-Mendzijetska artistlar kelishibdi. Bir doirachi bilan bir xuriliqo raqqosa oʻzimizdan ekan. Men ularni taklif qilib keldim. Ziyofat sizning yelkangizda.
-Shu yerda kutamizmi?-dedi Mirzakalon ajablanib.
-Be, bu yerda bosmaxona buyogʻini xidlab ketishadimi? Oshnangiz Kazimir bilan gaplashib koʻrmaysizmi? Kechagi kungi oʻtirishimiz juda-a jonon boʻluvdi-da!

Meliev chindan ham Kazimirning uyidagi ziyofatda yayrab-yashnagan edi. Mirzakalon shu shaharlik baqqol Kazimir bilan oq baton non sotib olish bahonasida tanishgan edi. Asli Brest shahridan boʻlgan bu odam nechundir batonxoʻr mijozi Mirzakalon bilan chiqishib qolgandi. Hamshaharlarni durustroq mehmon qilish maqsadida Mirzakalon Melievning taklifiga koʻndi. Ikki litr spirt olib Kazimirnikiga bordi. Zarur ishi boʻlmagani uchun Meliev unga ergashdi. Kazimir Mirzakalonning iltimosini ortiqcha gap-soʻzsiz qabul qilib, ziyofat tayyorgarligini boshlab yubordi. Mirzakalon keltirgan spirtga saryogʻ, sut, qant aralashtirib xushxoʻr ichimlik tayyorladi. Ichimlik totli tuyulib, Meliev mehmonlar yetib kelgunicha sarxush boʻlib oldi.

Dasturxon tarofida oʻtirganlarida Kazimir Mirzakalondan:
-Stalin Lʼvovni bizga qoldirmay olib qoʻyarmikin?-deb soʻradi.

Mirzakalon javobga taraddudlandi. Aslida javobni oʻylab topishga hojat yoʻq, bu haqda matbuot tinmay yozayotgandi: “Sovet hukumatining begʻaraz siyosati, polyak xalqini pilʼsudchi-mikolaychikchi burjua reaksionerlar zulmidan, fashizm qulligidan ozod qilish uchun jang maydonlarida aziz qonlarini toʻkib, Yevropa xalqlariga, shu jumladan, slavyan polyak xalqiga ham ozodlik, mustaqillik, hur va erkin hayot keltirayotgan Sovet Armiyasining xolis, olijanob niyati”ni aytib, kutilmagan suhbat mavzuiga yakun yasashi mumkin edi. Lekin Kazimir bu gaplarni har kuni eshitavergani uchun boshqacharoq tushuntirish yoʻlini oʻylab turganda Meliev suhbatga qoʻshildi:
-Hali Lʼvov ekan-u, kerak boʻlsa butun Polshani ham oladi-qoʻyadi!-dedi tomdan tarasha tushgandek qilib.

Bu gapdan seskanib ketgan Kazimir, oldidagi likopni nari surib toʻngʻilladi:
-Nima, Sovet Ittifoqida shahar kammi? Bitta Lʼvovni qoldirsa nima qilibdi?

Yana Meliev gapni ilib ketdi. Yoʻq, Lʼvov shahrini aslda ukrain shahri ekanini, uni polyak shlyaxlari bosib olganlarini, hozir shaharni asl egalari – ukrainlarga qaytib berish toʻgʻri boʻlajagini uqtirmadi, aksincha, Mirzakalon kutmagan gapni aytdi:
-Hali shoshmang, sizning Polshangizga ham bizning Oʻzbekistonning kuni tushadi!

Melievning gapi tugar-tugamas, Kazimirni xotini chaqirib, chiqib ketdi. Mirzakalon Melievga ma’nodor qaradi va dudmal qilib shunday dedi:
-Xoʻb gap qildingiz-da!

Bu zohiran: “Bema’ni gap qilding!” degan ma’noni bildirsa ham, zamirida “yaxshi gapirding” degan ma’noni kavlab topish ham mumkin edi. Oradan bir necha yil oʻtib, hibsga olinganda bu gap aynan millatchilik libosida yetkazilishini Mirzakalon u damda oʻylab ham koʻrmagan edi. U bir muammoga javob topa olmadi: u suhbatda uch kishi ishtirok etgan edi. Kazimirning GPUga axborot bermogʻiga aql bovar qilmaydi. Millatchilik ruhidagi oʻsha gap Melievning ogʻzidan chiqqan edi. Agar oʻsha suhbat bayonini Meliev yetkazgan boʻlsa, oʻzini oʻzi millatchilik sirtmogʻiga roʻpara qilishida qanday ma’no bor? Bunga ham kishining aqli bovar qilmaydi.

Oʻshanda Kazimirning koʻngli ozor chekkan boʻlsa ham, sir boy bermay, mehmonlarni chiroyli kutdi. Faqat xayrlashar mahalida boshqalarga sezdirmay Mirzakalonga shipshib qoʻydi:
-Mirdza, siz istasangiz har kuni keling, biroq, bu doʻstingizni bundan keyin yoningizga olmang. Men gap koʻtarolmaydigan odamman, biron nima deb qoʻyib, tilimning balosiga qolib yurmayin. Agar xohishingiz boʻlsa, mayli, pan Garif bilan keling, qarshiligim yoʻq.

Mirzakalon Kazimirning havotirini tushungani uchun gapni choʻzmadi. Ertasiga Gʻarif Galiev bilan birga safarga chiqib ketdi. Yoʻlda ketaturib Kazimirning taklifini aytib “Siz unga yoqib qolibsiz, safardan qaytganimizdan keyin ziyofatiga boramiz”, deb qoʻydi. Tatar tilida chiqadigan gazetaning harbiy muxbiri bilan birgalikda to Varshava boʻsagʻasiga qadar birga bordi. Safarlari qariyb ikki oyga choʻzildi. Janggohda oʻq doʻllari tingan mahalda ularning ish faoliyatlari boshlanardi. Jangda horib, tolgan askarlar bilan suhbatlashib, gazetada e’lon qilinadigan maqolalari uchun ma’lumotlar toʻplar edilar. Polsha qishloqlari va shaharlarida yurganlarida, Gʻarifning yotishdan avval bir narsani olib, uni poxol orasiga yoki eski latta-luttalar orasiga yashirishi, ertalab esa yana olib, choʻntagiga avaylab solishi Mirzakalonni ajablantirdi. Shu paytga qadar u Gʻarif bilan birga koʻp yurgan, biroq, bunaqa sirli harakatiga sira guvoh boʻlmagan edi. Mirzakalon uning bu gʻayritabiiy harakatini bir necha marta kuzatgach, oxiri Visla daryosi sohilidagi bir polyak dehqonining hovlisida yotganlarida “Gʻarif, poxol orasiga nima yashirdingiz?” deb soʻradi.

Gʻarif bu savoldan gangib, nima deyishini bilmay, shoshib qoldi. Keyin hechnima berkitmaganini aytdi. Mirzakalon uning yashirgan joyini koʻz ostiga olib qoʻygan edi. U hamroxi yashirgan narsa biron sevganining suratidir, deb gumon qilgan, uning goʻzali chehrasiga bir nazar tashlagisi kelgan edi. Gʻarifning koʻzini shamgʻalat qilib, yashirilgan narsani poxol orasidan oldi. Baribir topolmaydi, degan ishonch bilan hotirjam yotgan Gʻarif sapchib oʻrnidan turdi-da:
-Nega birovning narsasiga tegasan! Qoʻy, bu sen oʻylagan narsa emas, kandidatskiy knijkam!-dedi ranjib.

Mirzakalon uning gapiga ishonmay, qogʻozni oy yorugʻiga tutib qaradi: toʻgʻri aytibdi, yashirgan narsasi uning VKP(b) az'oligiga nomzodlik daftarchasi edi.
-Partiyaning daftarchasini bunchalik avaylash kerakligini bilmas ekanman. Meniki choʻntagimda turibdi,-dedi Mirzakalon uning bu qiligʻiga tushunmay.
-Ey Mirza, aqlli odamsan-u, lekin ba’zi narsalarni tushunishda onging xiralik qilib qoladi,-dedi Gʻarif daftarchasini uning qoʻlidan olib.-Bu yerlarning odamlariga ishonib boʻladimi? Slavyan deganlari bilan bular ruslarni nemislardan ham battar yomon koʻradilar. Ruslar qancha yillar bosib yotdi bularni axir? Avval oq podsho ezgan edi, endi qizil podsho ezadi deb qoʻrqadilar. Kechasi bizlarni qoʻqis bosib qolishsa, choʻntagingdan partiya bileti chiqib qoldimi, tamom, oʻldirmasdan qoʻymaydilar. Yonimdan bu palakat chiqmasa, “men rus emasman, aksincha, men-da sizlar kabi ruslar oyogʻi ostida ezilib kelgan tatar molayi”, deb qutulib qolishim mumkin. Daftarchani nega berkitishimni endi bildingmi? Esingni ishlatib, senam men qilgan ishni qilaver.

Mirzakalon uning qoʻrqoqligidan kuldi. Har qadamda ajalning soyasida yurgan odamning oʻlimdan qoʻrqishi chindan ham kulgili hol edi.

Safar chogʻi qogʻozga tushgan “Ozodlik gulini hidlagan kishi” degan ocherkini Gʻarifga oʻqib berganda u chuqur oʻyga toldi. Oʻzbek yigitining qahramonligi madh etilgan satrlar unga ta’sir etgan edi. Biroz mulohaza qilib koʻrgach, u tilga kirdi:
-Yaxshi yozibsan, chindan ham ozodlik holida jon berish kishiga yarashadi. Men ham berar edim, lekin bizda ozodlikning oʻzi bormi?- u bir oz tin olib oʻz savoliga oʻzi keskin javob qaytardi:-Yoʻq! Mutlaqo yoʻq. Endi kim uchun jon berishim kerak? Oʻruslar uchunmi? Yoʻ-oʻq!.. Mening jonimsiz ham tatarlarning jonini olib bitirdilar. “Tatariston” desalar kulgim keladi. Qayda oʻsha Tatariston?!
-Toʻgʻri aytasan. Tataristonning oti qoldi-yu, oʻzi qolmadi,-dedi Mirzakalon uning soʻzlarini quvvatlagan boʻlib. Keyin savol berdi: -Tatariston nega bu holga tushdi?
-Oʻzbekiston ham,-deb Gʻarif aniqlik kiritib, savolni Mirzakalonning oʻziga qaytardi.

Mirzakalon javob berishi mumkin edi. Bu haqda uzoq yillardan beri oʻylayverib, istibdod sababini izlagan, oʻzicha toʻgʻri javoblar topib qoʻygandi. Shulardan biri – “Bizlarda Arturlar yoʻq”, degisi kelardi. Voynichning “Soʻna” romanini rus tilida dastlab oʻqigandayoq xayoliga shu fikr kelgan edi. U oʻzini Artur martabasida koʻrishni istardi. Birinchi muhabbati Hamidani esa Jemmi timsolida koʻrardi. Agar irodasi, jur'ati, botirligi Artur qadar boʻlganda edi, Hamida ham Jemmi kabi boʻla olardi, shubhasiz. Arturdagi ozodlikka intilish tuygʻusini oʻzbek yigitlari qalbiga koʻchirish maqsadida asarni tarjima qila boshladi. Yonib-yonib, oʻrtanib-oʻrtanib, joʻshib-joʻshib, yigʻlab-yigʻlab tarjima qildi. Siyohdan qogʻozga koʻchayotgan har bir harf, har bir belgi orzu-umid yomgʻirining hayotbaxsh tomchilari kabi tuyulardi nazarida.

Hozir Gʻarifga “Arturlar yoʻq”, degani bilan bu hamkasbi uning niyatini anglay olmasligi mumkin edi. Oʻz joni shirin koʻrinib, qoʻrqqanidan partiya daftarchasini berkitib yurgan odam Arturning shijoatini his qila olmasligi aniq. Vatani haqidagi balandparvoz gaplari esa bir necha daqiqada soʻnadigan ojiz tuygʻudan boshqa narsa emasligini Mirzakalon tushunib turardi. Shu bois gapni koʻpaytirmasdan “Men bilmayman”, deb qoʻydi.

Shu bilan ularning ozodlik haqidagi gaplari nihoyasiga yetdi. Garchi Mirzakalon Gʻarifni quvvatlagan boʻlsa-da, fikriga e’tiroz bildirgisi ham kelgandi. Bu urushning ruslarni himoya qiluvchi urush emasligini, dunyo taraqqiyparvar kuchlari qonli fashizmga qarshi birlashganlarini aytish bilan Gʻarifning gʻashini keltirishini bildi. Ivan Grozniy davridan beri istibdod iskanjasida yashagan xalq vakilining dardini huddi shunday iskanjada yashagan qarindosh xalq vakili tushunmasligi mumkinmi? Bu haqda uzun kechalar mijja qoqmasdan dardlashsa arziydi. Ozodlik yoʻlidagi oʻgʻonlar haqida fikrlashish, bahslashish ham mumkin. Chorak asar muqaddam ozodlik eshigi ochilay deb turganda xalqni birlashtirib, oyoqqa turgʻizishi lozim boʻlgan ziyoli ahlining oʻzlari birlasha olmay, ittifoq qila olmay erkni qoʻldan berganlarini qalb azobi ila eslash ham mumkin. Lekin hozir buning oʻrni emas. Garchi Gʻarif bilan koʻp vaqtlar birga safarlarda boʻlsa-da, uning ichida xalq dardi bormi yo doʻst koʻksiga zahar soluvchi ilonmi – aniq bilmaydi. Hozirgi gʻamli soʻzlari dardli yurak nolasimi edi yoki oʻsha ilonning ovozimi? Bunisi ham unga qorongʻu...

Poezd-redaksiya Ovruch shahri yonidagi oʻrmonda turganida oʻzbek tahririyatiga “Qizil Armiya” gazetasining muharrir oʻrinbosari boʻlib kapitan Yoʻlchiev keldi. Bu Uzoq Sharqda yopilgan “Trevoga” nomli oʻzbekcha front gazetasining muharrir oʻrinbosari edi. Mirzakalon u gazetaning frontlarda chiqadigan oʻzbekcha gazetalar orasida eng savodsiz, eng qoloq gazeta ekanini Moskvadagi kengashmada eshitgandi. Ma’ruzachi gazetaning kamchiliklarini ayta turib “har qanday tanqiddan tuban”, deb ta’kidlagandi. Oʻsha gazetani chiqargan muharrir oʻrinbosarining oʻziga boshliq boʻlib kelishini Mirzakalon malol oldi. Stalingrad boʻsagʻalaridan to Germaniya chegarasigacha boʻlgan yoʻlda gazeta tashvishlarini oʻz yelkasida koʻtarib kelishiga qaramay, faqat VKP(b)ga a’zo boʻlmagani uchun surib tashlab, oʻrniga qariyb chalasavod odamni qoʻyishlarini adolatsizlik deb bilsa-da, dardini ichiga yutdi. Partiyaning bu adolatsiz siyosatiga qarshi boʻlgani bilan, adolat talab qtlgan taqdirda ham hech nimaga erisha olmasligini yaxshi bilgani uchun tili tish hatlamadi. Urush Germaniya chegarasidan oʻtgan kunlarda tahririyatga Ilyosov ham qoʻshildi. Chalasavodlik masalasida u Yoʻlchievdan batarroq boʻlgani sababli, gazetaning asosiy ijodiy ishlari baribir Mirzakalon bilan Melievning zimmasida qolaverdi.

Avvalgi
I- qism
 



  1. Olamlarning robbisi Allohga hamdlar va shukurlar, olamlarga rahmat etib yuborilgan zotga salovat va salomlar boʻlsin.