OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiOzod inson haqida qoʻshiq (II- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm161KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/28
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ozod inson haqida qoʻshiq (II- qism)
Tohir Malik

VII

Berlin

Necha haftalardan beri tergovchini qiziqtirayotgan voqealar Berlin atrofida yuz bergan edi. Tergovchi qoʻlidagi gʻayrima'lumotlarning asosiylari ham aynan urushdan keyingi damlarga xos edi.

Urush sovet qurolining gʻalabasi bilan tamom boʻlgach, ular Berlin yaqinida, Ebersvalʼde degan shaharda bir oycha turdilar. Endi oʻq yomgʻirlari yogʻilib turgan janggohlarga safarga chiqishmas, tahririyat jam boʻlib oʻtirib gazeta chiqarishardi. Boʻsh vaqtlarida aholisi siyraklashib qolgan, vayron shaharni kezib, “sayr” qilishardi. Shunday kunlarning birida Yoʻlchiev bilan Mirzakalon soatsoz doʻkoniga kirishdi. Ikkovining ham soati buzilgan edi. Bu soatlarni xoʻjayinning lab-lunjini boʻyoq bilan quyuqqina chaplagan, quloqlariga haybatli, ogʻir shaqulda, qoʻllariga qator uzuk taqqan, koʻzlari suzilib, nimanidir va'da etayotgan ofatta xotin qabul qildi. Mirzakalonning soatida ba'zi qismlar yoʻq boʻlgani uchun “usta bilan gaplashib koʻraman, ertaga kelib, xabar oling”, dedi. Shu on eshakdek keladigan bahaybat itni yetaklab, ichkaridan baland boʻyli, onasi kabi bezadoqli nemis qiz chiqib keldi. Yoʻlchievga tikildi-yu, koʻzlari bilan kulib qoʻydi. Uzoq Sharqni “gullatib” kelgan Yoʻlchiev uchun shuning oʻzi kifoya edi. Oʻzi bilmagan tilda jugʻurlashib qolgach, Mirzakalonning gʻashi kelib, doʻkondan chiqib ketdi. Yoʻlchiev anchadan keyin qaytdi. Uning kayfi chogʻ, ruhi baland edi. Quvonchini ichiga sigʻdira olmay, taassurotini oʻrtaga toʻkdi: soatsozning uyiga kirganmish, uyi boy, serbisot ekanini, chinakam hayotni endi koʻrganini hayajonlanib gapirdi. Shundan soʻng u oʻsha serbisot uyga ichkuyovdek boʻlib qoldi. Tahririyat Berlinga koʻchib oʻtganidan keyin ham bu oilani ziyorat etishni kanda qilmadi.

Mirzakalon birinchi tashrifdan soʻng, xotinning taklifiga binoan ertasi kuni soatining taqdirini bilish maqsadida doʻkonga yana keldi. Xoʻjayinning xotini ustani chaqirdi. Koʻzlari samimiy kulib turuvchi, yigirma besh yoshlardagi bir yigit chiqdi-da:
-Zdras tovarish ofitsier!-dedi. Keyin ruscha-nemischa-fransuzcha aralashtirib bir nimalar gapirdi. Soʻz topilmaganda, qoʻl harakatlari bilan uqtirdi. Mirzakalonning zoʻrgʻa uqishicha, u fransuz ekan, gitlerchilar lageridan sovet soldatlarini ozod qilishda ishtirok etganmish. Usta soʻz orasida sevinib, quvonib: “Viva, sovet zoldat”, deyar edi nuqul. Xullas, soatni albatta tuzatib berajagini aytib, “one gelʼd rabota” , ya'ni “tekinga tuzatib beraman”, dedi. Ikki kundan keyin soat tayyor boʻlgach, u soatga qoʻshib bir fotosuratni ham uzatdi. Mirzakalonning ming azob bilan uqishiga qaraganda, u: “Mana shu suratdagi odam osiyolik edi. Biz uni Gitler lageridan ozod qilganmiz, koʻrganingizda quvonib yurarsiz, balki u sizning hamshahringizdir, balki uyga qaytganingizda uchrashib qolarsiz”, degan edi. Mirzakalon uning lutfini rad etmadi.

Qirq beshinchi yilning iyulida tahririyat Berlinga, Shosseshtrasse koʻchasiga koʻchib keldi. Bu yer turarjoylari boʻlib, ishlaydigan xonalari va bosmaxona bir yarim chaqirim janubroqda – Invalidenshtrasseda edi. Shahar transporti ishdan chiqqani uchun ertayu kech piyoda qatnar edilar. Berlinga kelishgach, Mirzakalon koʻproq Yoʻlchiev bilan birga boʻlib, Meliev bilan Ilyosov esa mehribon bojalar kabi yaqinlashib ketdilar. Ikkovlashib ishga barvaqt chiqib ketsalar-da, Mirzakalon bir-ikki soat keyin borganda ham ular hali idoraga yetib kelmagan boʻlardilar. Ba'zan tushlikda koʻrinmay qolardilar. Ayrim kunlari ishdan barvaqt chiqib, yotoqqa yarim kechada qaytardilar. Bu hol zamirida mahfiylik boʻlmasa-da, Yoʻlchievning “qaerlarda sanqib yuribsanlar?” degan savoliga har safar “bichiqchinikida edik”, deb javob qaytarishardi. Lekin nimani bichtirayotganlarini aytmasdilar, bichtirayotganlari ham tikilib ado boʻlmasdi. Ishga doim kechikib kelishlari, vaqtli ketib qolishlari joniga tekkach, Yoʻlchiev ulardan toʻgʻri gapni talab qildi. Shunda Meliev chaqchaq urib kuldi-da:
-“Bichiqchi” deganimiz shunchaki gap. Biz bir jononnikiga boramiz. Oʻzi nemis mayorining xotini. Uyini, kiyinishini, oʻzini koʻrsalaring – eslaring ogʻadi. Berlinda bunaqa tannoz oyimni hali koʻrganim yoʻq, koʻrmasman ham! Ana shu huriliqo shoir Ilyosovga oshiqu-beqaror, har kuni koʻrib turmasalar Ilyosov boyaqishni tiriklayin yebgina tashlaydi. Ana shunikida bir-ikki soat oʻtirib kelamiz,-dedi. Ilyosov bu gapga biron narsa qoʻshmaganidek, yo hazil, yo yolgʻon deb rad ham qilmadi. Keyin bir-ikki ogʻiz soʻz bermay, u xotinning chinakam dilbarligini, erkaligi-oʻktamligini, uyida ovqat, kiyim-kechak koʻpligini maqtay ketdi. U gapini oxiriga yetkazmay, Meliev qoʻshimcha qildi:
-Ilyosov uni kunda bir koʻrmasa xummor qiladigan boʻlib qolibdi...
-Sizning vazifangiz-chi? Ilyosovni gerr-mayor xonimga qoʻshib qoʻyib, koʻchada qorovullik qilish boʻlib qoldimi?-deb istehzo qildi Yoʻlchiev.
-Yoʻq, bizga nasib qilgani ham bor, biz ham quruq emasmiz,-dedi taltayib Meliev.

Bu ta'rifu-tavsiflardan ta'sirlangan Yoʻlchiev “biz ham bir koʻraylik”, deb koʻngli sust ketdi. Ikki oshna bu iltimosni qabul qilsalar-da, “erta-indin”, deb galga solishaverdi.

Potsdamga koʻchishlaridan oldin, bosmaxonaga qarab borayotgan Mirzakalon koʻchada kutilmagan quvonchli voqeaga duch keldi. Ikki sovet askari bilan toʻrt nemis yigitning mushtlashayotganini koʻrib, ularni ajratishga shoshildi. Askar yigitlarning qurolni ishga solmayotganlaridan bildi-ki, janjalga arzimagan narsa sabab boʻlgan. Darhaqiqat, shunday boʻlib chiqdi. Mushtlashayotganlar ajratilgach, askarlardan birining nemis yigitidan velosipedni tortib olmoqchi boʻlganligi aniqlandi. Mirzakalon uchun bu muhim emas edi. Uni avvaliga lol qoldirgan, soʻng qalbini quvonch seli bilan toʻldirgani – velosipedni tortib olmoqchi boʻlgan serjant uning ukasi Umidjon edi!

Hunar bilim yurtida chilangarlika oʻqiyotgan Umidjon amaliyotni oʻtash uchun Taganrogga borgan kezlari urush boshlandi. Taganrogga dastlabki bombalar yogʻdirilganda ham u shu shaharda edi. Hammayoq agʻdar-toʻntar boʻlgan kunlarda hali u, hali bu poezdga chiqib, pulsiz, osh-ovqatsiz bir amallab Toshkentga qaytib keldi. Keldi-yu, yaqinlari bilan diydorlashishga ulgurmadi – koʻchadayoq qoʻlga olinib, urushga joʻnatildi. Shundan beri aka-uka xat orqaligina xabarlashishardi. Gʻalaba kunidan beri ikkovlari bir shaharning yonma-yon ikki koʻchasida yashashlariga qaramay, yozgan xatlarini bir yarim, ikki oy deganda olishardi. Manzilga “Polevaya pochta” deb raqamlanuvchi maktubda qaerda ekanliklarini ma'lum qilish mumkin emas, harbiy sir edi.

Umidjon bilan diydor kunlari uzoq davom etmadi. Armiya razvedkasidagi xizmatlari yuqori taqdirlangan, “Shuhrat” ordenlari bilan mukofotlangan, baland boʻyli, kelishgan serjant Ismoilov Berlindagi Faxriy qorovul safida xizmatga olib qolingan edi. Tahririyat Potsdamga koʻchgach, ularning diydorlashuvlari qiyinroq boʻlib qoldi.

Bir surat tarixi

Potsdamda ekanliklarida Mirzakalon gazetaning yangi sonini bosish jarayonini kuzatib turganida avval Meliev, uning ortidan Ilyosov hovliqib kirib keldilar. Melievning qoʻlida surat bor edi.
-Mirza!-dedi u eshikni ochib kirishi bilan, soʻng qoʻlidagi suratni uzatdi.-Taniysanmi?

Mirzakalon suratni qoʻliga olmadi, Meliev bundan gʻashlanmasdan qoʻlini choʻzganicha turaverdi. Mirzakalon temir xoch taqqan, “SS” kiyimidagi odamni aniq tanidi: urush yillari uning nomi tilga olinsa, albatta “vatan xoini, fashist” degan sifat qoʻshib aytilardi. Shu bois suratdagi Abdulla Toʻlaganni tanigan Mirzakalon beixtiyor “Obbo it emgan!” deb yubordi. Abdulla Toʻlagan urushdan ilgari “Qizil Oʻzbekiston” gazetasida Meliev bilan xizmat qilib, oʻzini hamisha haqiqiy kommunist qilib koʻrsatib kelgan oʻrta-miyona saviyadagi jurnalist edi. Fashist kiyimidagi suratning paydo boʻlib qolishi Mirzakalonni ajablantirdi. Ogʻzidan chiqqan ikkinchi qator soʻz “Qaerdan olding?” soʻzlari boʻldi.

Meliev toʻrtinchi qavatga yugurib chiqqanidanmi yoki suratni topgani tufayli hayajonlanganidanmi, xansirashini bosolmas edi.

-Restoranda xotinini koʻrdik!-dedi-da, gapining yolgʻon emas, rostligini tasdiqlatgisi kelgandek, orqasidan kelgan Ilyosovga oʻgirilib gapirdi:-A, Ilyosov?

Tabiatidagi qoʻrqoqlikni kamgaplik niqobi bilan toʻsuvchi Ilyosov bu safar ham odatiga xilof qilmay: “Ha”, dedi-qoʻydi. Ilyosovning “ha”si Melievga dalda berdi chogʻi, u chalaman-chatti qilib, gapira ketdi:
-Biz uning xotinini restoranda koʻrdik,-Meliev shunday deb takrorlab, yana Ilyosovga bir qarab oldi.-Restoranga kirsak, ofitserlar stoli yonida ikkita nemka oʻtirgan ekan. Biz oʻz joyimizga oʻtirib, pivo chaqirdik. Ikkalamiz oʻzbekcha gaplashib oʻtirgan edik,-shu yerga kelganda Meliev yana sherigiga “A, Ilyosov?” deb tasdiqlatib oldi. Ilyosov yana boyagi bir boʻgʻinli “ha”sini yumalatgach, Meliev davom etdi:-Haligi nemkalardan biri: “Sizlar qaerliksizlar?” deb soʻrab qolsa boʻladimi?! Men “Toshkentlikmiz”, degan edim, nemka: “Turkistondanmi?” deb qiziqdi. Keyin oʻzining eri ham turkistonlik ekanini aytdi, a, Ilyosov?-soʻroqqa javoban Ilyosov oʻzidagi “ha” zahirasining yana biridan ajradi.-Keyin sumkasini ochib, shu suratni koʻrsatib qolsa boʻladimi?! Muni qara!-dedi Meliev suratni Mirzakalonning tumshugʻiga suqib.-Abdullaning oʻzi-ya?!
-Xoʻsh, undan keyin nima boʻldi? Uyogʻini gapir,-dedi Mirzakalon.

Meliev endi oʻzini ancha tutib olgan edi, shoshilmasdan, hovliqmasdan gapiraboshladi.
-Xotinga: “Ie, bu mening oʻrtogʻim Abdulla-ku?” devdim, “Ha, Abul Zavqiy”, dedi,-Meliev gapi shu yerga keganida Mirzakalonning yelkasiga turtdi:-Esingdami, hov jurnalda “Zavqiy” degan tahallusning kimligini bilolmagan edik. Ana oʻsha shu qiztaloq ekan. Keyin Abdullaning qaerdaligini soʻragan edim, “ketgan”, dedi. Oʻzi ham bir-ikkita oʻzbekcha soʻzlarni bilar ekan, aytdi, tuzuk. Ertaga uyiga boradigan boʻldik, a, Ilyosov?- Ilyosov yana bitta “ha”sidan mahrum boʻldi.-Surati bilan adresini olib qoldim. Yo oʻzi kelib bizni olib ketadi yo oʻzimiz qidirib boramiz.

Kechki payt, Mirzakalon yotishga tayyorgarlik koʻrayotganda Meliev kirib keldi:
-Dayusni oʻlib ketdi, desak, bu yerda mazza qilib yurgan ekan... Biz boʻlsak oʻrmonlarda ne-ne azoblarni koʻrmadik,-dedi afsus bilan.

Uyqusi kelib turgan Mirzakalon u bilan bu haqda gaplashgisi kelmay:
-E-e... mazzasi boshini yesin!-deb qoʻydi, keyin e'tiroziga izoh berdi:-Uning hozirgi holati menga qoʻl-oyogʻi singan, oʻlasi holda kaltaklangan va faqat oʻlish uchungina iniga sudralib kirib ketgan yumronqoziqni eslatyapti. Agar shu “mazza” deyiladigan boʻlsa, kechdim men bunday mazzadan.

Meliev yana bir oz oʻtirmoqchi edi, lekin Mirzakalon bosmaxonada charchaganini aytgach, chiqib ketdi.

Ertasiga ertalab Abdulla Toʻlaganning xotinini va'da qilgan soat oʻnga qadar kutdilar, ammo u kelmadi. Toʻrtovlari maslahatlashib, Ilyosovni qoldirib ketishga kelishdilar. Agar xotin kechikib keladigan boʻlsa, Ilyosov u bilan birga orqalaridan borishi kerak edi. Mirzakalon Yoʻlchiev, Meliev bilan birga yoʻlga tushdi. Meliev hamrohlarini Shvarskopfentrasse koʻchasi bilan boshlab, bir tonneldan olib oʻtdi-da, biror oʻn daqiqa yurganlaridan keyin Abdulla Toʻlaganning xotininikiga boshlab keldi. Melievning qoʻlida adres yozilgan qogʻoz boʻlsa-da, undan qariyb foydalanmay, adashmay, tez va chaqqon topib kelishi Mirzakalonga ajabtovur tuyulsa-da, indamadi.

Meliev birinchi qavatdagi xonadon eshigini taqillatdi. Ichkaridan yigirma ikki-yigirma toʻrt yoshlardagi koʻrimsiz, arvoh, badqovoq, qotma bir xotin eshikni ochdi va Melievni koʻriboq. “A-a, keldinglarmi?” dedi. Dahlizga kirishgach, Meliev shu badbashara juvonni Abdulla Toʻlaganning xotini, deb doʻstlariga tanishtirdi. Uyda ikkinchi, bundan keksaroq, oʻttiz ikki-oʻttiz besh yoshlarda yana bir nemis xotin ham bor edi. Oʻzini “Rut” deb aytgan xotin ikkinchi ayolni “onam” deb tanishtirdi. Bu xotin boʻyining pastligi, oʻzining toʻlaligi va basharasining tamoman boshqaligi bilan Rutga ona boʻlolmas edi. Ularning ikki xonadan iborat boʻlgan uylari bisotlarining kamligi, faqirona mebellari bilan yetim boladek qimtinib turar edi.

Oʻrtaga qoʻyilgan stol atrofiga oʻtirdilar. Nemischani nisbatan yaxshiroq bilgani uchun, shunda ham yuz, qoʻl, barmoq harakatlari yordami bilan koʻproq Mirzakalon gaplashdi. Hammasi boʻlib yarim soatdan oshmagan suhbat natijasida ma'lum boʻldi-ki, Abdulla Toʻlagan “Turkiston komiteti”ning markaziy nashri “Yangi Turkiston”da mas'ul muharrir boʻlib ishlabdi. Rutdan Abdulla Toʻlagan chiqargan gazeta-jurnallardan bormi-yoʻqligini soʻrashgan edi, u: “Bor edi, erim ketishda “hammasini yoqib yuborgin”, deb tayinlagani uchun yoqib tashladim Undan xotira faqat shu ikki narsagina bor xalos”, deb bir foto surat bilan jurnal qirqmasini koʻrsatdi. Foto allaqanday mehmondorchilik paytida stol atrofida olingan bir toʻda notanish kishilarning surati edi. Unda Abdulla Toʻlagan ham, shuningdek, ular taniydigan boshqa kishilar ham yoʻq edi. Jurnal qirqmasidagi suratda esa Vali Qayumxon bilan Abdulla Toʻlaganning oʻz jurnallarini koʻrib turgan paytlari aks ettirilgan edi. Surat ostiga: “Sevgili prezidentimiz va shefimiz Vali Qayyumxon va “Yangi Turkiston” jurnalining muharriri Abul Zavqiy navbatdagi sonni koʻrmoqdalar. Foto Rajab”, deb yozilgandi. Qirqmani Ilyosovga koʻrsatish uchun soʻrab oldilar-da, fotosuratni esa taniydigan odamlari yoʻqligi uchun, egasiga qaytardilar.

Mirzakalon turarjoylariga qaytgach, jurnal qirqmasidagi suratni Ilyosovga koʻrsatdi. Ilyosov suratga qarab kallasini qimirlatib qoʻydi-yu, hech nima demadi. Kallasining qimirlatishida “Obbo, itvachchalar!” degan nafratdan koʻra, “Ha, men buni koʻrganman”, degan ma'no kuchliroq edi. Jurnal qirqmasidagi suratni Ilyosovga koʻrsatish bahonasida olgan boʻlsa-da, Mirzakalon undagi tasvirdagi Vali Qayumxon chehrasining chang bosib yotishini yoki axlatxonada chirishini istamagan edi. Urush yillari nemislar tomonida boʻlgani uchun Vali Qayumxonni vatan xoini deb bilib, undan nafratlanishi lozim edi. Lekin bu odam urushdan ancha ilgari oʻz faoliyati bilan Mirzakalon kabi yuzlarcha yoshlar yuragida millatga muhabbat tuygʻusini uygʻotgan, millat ozodligi uchun kurash ishtiyoqi choʻgʻini yosh qalblarda yoqqan edi. Urush yillari bu odamlarning millat ozodligi uchun kurash uslubini qanchalik toʻgʻri yoki notoʻgʻri tanlashganini Stalingraddan to Berlinga qadar qariyb piyoda, qon kechib kelgan, necha minglarcha oʻzbeklarning nomli va nomsiz qabrlarda koʻmilib yotganiga guvoh boʻlgan Mirzakalon uzil-kesil toʻgʻri baholay olmas edi. Bu haqda koʻp oʻylar edi, aniq xulosaga kelolmay, hukmni tarix ixtiyoriga topshirib qoʻya qolardi. Suratni koʻrganda bu odamga nisbatan urushgacha boʻlgan mehri uygʻonganini sheriklari sezishgan boʻlsa ehtimol...

Suratni Ilyosovga koʻrsatgach, tashlab yuborishi kerak edi, biroq koʻngli boʻlmadi. Oʻz suratlari orasiga qoʻydi. Shu tarzda jurnal qirqmasi qirq yettinchi yilda Toshkentga keldi. Uni yoʻqlab kelgan doʻstlari Adham Rahmatov bilan Ma'ruf Hakimovlar Berlindan keltirilgan suratni tomosha qila turib bu qirqmaga koʻzlari tushdi-yu, Mirzakalonni kaltabinlikda ayblab, tanbeh bera ketdilar. Soʻng “hoziroq yoqib tashlang”, deb maslahat berdilar. Mirzakalon “xoʻp”, dedi-yu, maslahatga amal qilmadi. Oqibat nima boʻldi? Tintuv natijasida GPU xodimlari qoʻliga tushib, asosiy ashyoviy dalillardan biri sifatida “Ish”ga tikildi. Mana endi Vali Qayumxon bilan Abdulla Toʻlaganga qanday yaqinligi borligini isbotlab berishi kerak. Oʻzini Choʻlponning shogirdi, deb hisoblagani haqiqat, bu ulugʻ zot bilan koʻp marta hamsuhbat boʻlgani ham toʻgʻri, ammo Vali Qayumxon bilan biron marta boʻlsin uchrashmay turib, uni oʻziga sarvar ekanini qanday isbot qilib beradi?

Darvoqe... Vali Qayumxon masalasida oldingi tergovchi yanada chuqurlashmoqchi boʻlgan edi.
-Farzandlaringizni yaxshi tarbiyalagan ekansiz,-degandi papiros tutatganicha unga koʻz qadab,-Farrux hademay maktabni bitiradi. Flora ham oltin medalga asosiy da'vogar ekan.

Mirzakalon bolalardan soʻz ochishdan tergovchining maqsadi nima ekanini aniq bilmay, yuragi biroz titragan holda javob berdi:
-Ha, bolalarim ilmga chanqoq.
-Rus maktabiga bergan ekansiz? Sababi uyingizga yaqinligimi yo boshqami?
-Oʻzbek maktablariga nisbatan rus maktablarida yaxshiroq bilim berishadi. Maktabning uyga yaqin yoki uzoqligi ikkinchi darajali masala, muhimi – puxta bilim olish.
-Shunaqami?-tergovchi istehzo bilan kulimsiradi.-Yusuf Tohiriyga boshqacharoq gap aytgansiz shekilli? Eslaysizmi?
-Eslayman, elliginchi yil avgustida otam vafot etgan edilar. Oyning oxirgi kunlaridan birida Tohiriy biznikiga fotiha oʻqigani kirdi. Otamning vafoti haqida bir-ikki yupanch soʻzlari aytib, koʻnglimni koʻtargandan keyin oʻz dardini gapira ketdi: “Oʻgʻlimni qaysi maktabga bersam ekan: rus maktabigami yo oʻzbek maktabigami?”- deb ikkilandi. Savolini yaxshi tushunsam ham, javob berishga qiynalib, yelkamni qoqdim. U esa mendan javob kutmay oʻzi oʻrtaga qoʻygan savolni tahlil qila boshladi: “Ruscha maktabda bilimni yaxshi berishadi-yu, tarbiyaga yaxshi e'tibor berilmaydi, Adham Yunusning oʻgʻli Rustamga oʻxshab axloqi buzilib, harxil yomon soʻzlarni ogʻziga oladigan xuligan boʻlib chiqarmikin, deb qoʻrqaman. Oʻzbek maktabiga beray, desam – u yerda ta'lim qurgʻur kuchsizroq. Juda boshim qotib qoldi. Bir maslahat berib yubormasangiz boʻlmaydi”.
-Qaydam,-dedim men, nima maslahat berishni bilmay. Keyin oʻz bilganimni aytdim:-Mening bolalarim ham rus maktabida oʻqishadi. Ammo ogʻizlaridan biron chakki gap chiqqanini bilmayman. Meningcha, gap rus maktabida emas, gap bola oʻsayotgan muhitda, ota-onasining tarbiyasida, bolaning doirasida. Siz qanday ushlasangiz – bolangiz shunday boʻladi-da, demak, bir jihatdan, gap otada, otaning qanday koʻz-quloq boʻlishida, otaning tarbiyasida ekan.
-Toʻgʻri aytgansiz... Siz “gap otada” deganingizda millatchilik ruhidagi tarbiyani nazarda tutgansiz, shundaymi? Men uyingizga borib, Farrux bilan gaplashdim. Vali Qayumxon haqida chiroyli hikoyalar aytib bergan ekansiz.

Gʻoyat hotirjam aytilgan bu gap Mirzakalonni seskantirib yubordi – tergovchining maqsadini angladi: u Farruxni bekorga gapirmadi! Uyga borib, Farrux bilan gaplashganiga ishonish qiyin. Farruxning Vali Qayumxon haqida soʻzlashi esa mutlaqo yolgʻon! Chunki u bolalariga Vali Qayumxon haqida mutlaqo gapirmagan. Asosan rus tilidagi kitoblarni oʻquvchi bolalari bu haqda biron oʻzbekcha kitob orqali bilishlari ham mumkinmas. Tergovchining Farruxni tilga olishidan qoʻrqqulik, gʻoyat qoʻrqqulik edi. Mirzakalon oʻzinining boshiga yogʻilayotgan barcha tuhmat toshlariga chidaydi, tergovchi boʻyniga qoʻyayotgan barcha uydirma ayblarga iqror boʻladi. Lekin Farruxiga millat fidoyilari haqida hikoya aytganini boʻyniga olsa, faqat oʻzi emas, oʻgʻli ham abgor boʻladi. Huddi Abdulla Qodiriyning, Gʻozi Yunusning yana oʻnlab fidoyilarning farzandlarini qamoqqa tiqqanlari kabi uning oʻgʻlini ham ayamaydilar. Tepada “moʻylov” “farzandlar otalari uchun javob bermaydilar”, deb turgani bilan pastdagilar ayovsiz ravishda qamoqqa tiqyaptilar. Shularni oʻylab turib, Mirzakalon tergovchiga dadil javob berdi:
-Men farzandlarimni hech qachon millat xoinlarini hurmatlash ruhida tarbiya qilmaganman. Ular asosiy tarbiyani faqat mendan yoki ayasidan emas, Pushkindan, Tolstoydan, Dostoevskiydan olishgan. Men tarjima qilgan Gorkiyning “Boʻron qushi”ni yod olishgan. Ularning qalbiga xoin Qayumxon ruhi kirishi mutlaqo mumkinmas.

Mirzakalon gapini tugatmay, tergovchining oyogʻi ishga tushib ketdi. Tepa-tepa tolgach, xansiraganicha:
-Afsuski, tilingni kesib olishga haqqim yoʻq, boʻlganida edi, itlarga tashlardim,-dedi.

Keyingisiga nisbatan ayovsizroq boʻlgan bu tergovchi Mirzakalonning baxtiga koʻrinmay qoldi. Oʻzini “Aleksandr Aleksandrovich” deb tanishtirgan yangi tergovchi salafining yuqori idoralarga “koʻtarilib” ketganini aytdi. U yuqoriga koʻtarildimi yo qora yer ostiga kirib yoʻq boʻldimi, Mirzakalon uchun farqsiz edi. Yangi tergovchi zohiran madaniyatli, ziyoli tabiat boʻlgani bilan, oʻziga kerakli gapni eshitmagan paytida Mirzakalonning jonini ombur bilan buragandan battar jazo usullarini qoʻllashdan qaytmasdi. Bunisi ham Vali Qayumxon masalasida salafining talablarni takrorladi.

Turmaning bir kishlik kamerasida oʻtirib, tergovchi tomondan tungi yoʻqlovni kutayotgan Mirzakalon uchun bu vazifani bajarish nihoyatda ogʻir edi.

VIII

Toshkent, Darxondagi uch xonali uy.
1986 yil, 4 fevral, seshanba, soat 18.40.

Orqa miyasida turgan qattiq ogʻriq Mirzakalonni xayol ummonidan, hayot sohiliga chiqardi. Quloqlari ostidagi zambaraklarning gumburi ham tindi, turmadagi zalvorli eshiklarning sharaqlashi ham eshitilmay qoldi. Yotgan xonasidagi, narigi mehmonxonadagi ovozlar ham aniq-tiniq eshitildi. Koʻzlarini ochib, ovoz egalarini koʻrgisi keldi, biroq, mijjalari oʻziga boʻysinmadi. Kipriklari salgina qimirlab qoʻyganini yonida oʻtirgan onasi sezdi:
-Mirzakalon, ichingiz kuyayotgan boʻlsa, boshingizni koʻtaraymi, choy ichib olasizmi?

Ichi kuyayotganini kampir qaydan bildi?

“Kampir tushmagur sezgir”,-deb oʻyladi Mirzakalon, lekin javob bera olmadi. Javobga uringan lablari salgina qimirladi. Kampir piyoladagi suvga oppoq paxtani botirib, uning lablarini hoʻlladi. Mirzakalon Oʻshdagi hovlilari oldidan oqib oʻtuvchi soy sohiliga yotib olib, zilol va muzdek suvdan simirgandek boʻldi. Tanasiga rohat yugurgiladi. Suvdan ichaverdi... ichaverdi...
-Mirzakalon, oshnalaringiz kelishgan, kiraverishsinmi?

Bu savol uni Oʻshdagi zilol soy boʻyidan koʻtarib, yana Darxondagi uyiga, necha kundan beri yotgan toʻshagiga qaytarib, mixladi.

Kampir aytmasa ham bildi kelishganlarini. Yoʻlchievning jarangdor, baland ovozini, huda-behudaga qah-qah otib kulaverishini bu toʻshakdagina emas, lahadda yotganida ham bemalol eshitsa kerak.

Kirishdi. Salomlashishdi. Alik olmoqchi edi, tili ham, lablari ham oʻziga boʻysunmadi. Bunday hollarda ziyoratchilar ranjimaydilar, balki bir-birlariga ma'nodor qarab qoʻyadilar.
-Mirzakalon bilan Berlinni toz-za gullatganmiz-a!

Yoʻlchievning gapi kulgi sadosi ostida qolgani tufayli qolgan soʻzlarini anglay olmadi.

Ilyosovning ovozini eshitmadi. U odatdagicha “hi-hi”lab, bosh irgʻab qoʻygan boʻlsa kerak. Talvasali zamonlar oʻtib ketgan boʻlsa-da, hali ham qoʻrqib yashaydi bechora. Qoʻrqa-qoʻrqa yashab, Stalin zamonida necha pok chehralarga balchiq chaplaganini oʻylarmikin? Oʻyla-oʻylay, Xudodan uyalarmikin?..

Mirzakalon uning qoʻrquvdan pirpirab turuvchi koʻzlariga soʻnggi marta qarab olishni istadi. Ogʻir mijjalari istagining amalga oshishiga yoʻl bermadi. Faqat kipriklari amrga boʻysunishga bir harakat qilib qoʻydi. Kiprikning harakatini sezgan doʻstlari gaplarini eshitib, tushunib yotganini anglashdi-da, koʻnglini koʻtaradigan gaplardan bir chimdim-bir chimdimdan soʻzlay ketishdi. Mirzakalonga Yoʻlchievning Berlinni gullatib yurganligi haqidagi gapi malol keldi. Mirzakalon-ku, Gʻalabadan keyin oilasini Berlinga koʻchirib kelib birga yashagan edi. Melievda urushdan keyin yayrab olish istagi kuchli boʻlsa-da, Mirzakalonning maslahatiga koʻnib, u ham oilasini olib kelgandi. Oilasini olib kelishni istamagan Yoʻlchiev chindan ham “gullatgan” edi Berlin restoranlarini... Mirzakalon qamoqqa olinganda esa... kimdir uning gestapochi tashlab ketgan xotin bilan umrguzaronlik qilgani haqidagi tuhmatni GPUga yetkazgan edi. Oʻsha “kimdir” oʻlim toʻshagida yotgan doʻstlari bilan xayrlashishga kelgan uchovlonning biri. Mirzakalon ularni qamoqdan chiqqan kezlariyoq kechirib yuborgan. Soʻnggi vidolashuv onlarida hijolat boʻlishlari ortiqcha.

Uch-toʻrt yil avval Sharof Rashidov vafot etganini eshitib, koʻngli gʻashlanib oʻtirganda doʻstlaridan biri qoʻngʻiroq qilib, tabrikladi. Bu pastkashlikdan Mirzakalonning etlari jimirlashib ketdi. Doʻstiga javob bermay, goʻshakni joyiga qoʻygan onda jiyani kirib keldi. Salom berib, qoʻlidagi qogʻozlarni stol ustiga qoʻya turib:
-Korrekturani olib keldim. Koʻrib bersangiz bugun bosmaga tushirib yuboramiz. Bosmaxona insofga kelib turibdi, jurnalni bir haftada chiqarib bermoqchi,-dedi.

“Oʻzingdan koʻr” deb nomlangan axloqiy qissaning nashr etilishini oʻzi intiq kutayotgan edi. Shunga qaramay, jiyanining gapi xufton koʻnglini shodlantira olmadi. Jiyani uning ruhsizligini ham, buning sababini ham sezdi. Ezilgan koʻngilga bir oz yorugʻlik berish maqsadida shaxmat donalarini terdi:
-Bir qoʻl tashlashga chogʻingiz keladimi?

Jiyani shaxmatni yomon oʻynamaydi, lekin keyinga paytda bekorga vaqt ketkazishni istamay, bu oʻyindan oʻzini tortib yuradigan boʻlib qolgan. Oʻzining aytishicha, faqat shu uyda oʻynaydi, demak, uning koʻnglini koʻtarish uchun oʻynaydi. Oʻyinning oʻrtalariga qadar uning qarshiligini sindirish qiyin boʻladi, keyin kutilmaganda “shox”i mot holatiga tushib qoladi. Demak, bu ham koʻngil uchun... Hozir ham koʻngil uchun dona teryapti... Bundan Mirzakalonning jahli chiqib, donalarni surib qoʻydi:
-Sening bu ayyorliging mening choʻntagimdan allaqachon tushib qolgan. Sen ham boshqalarga oʻxshab suyunchi olgani keldingmi?-dedi ovozini bir parda koʻtarib.

Jiyani ajablanib, yelkasini qisdi:
-Nimaga suyunchi olaman? Kechagi gapingizga koʻra, korrekturani olib keldim...

Mirzakalon jiyaniga bejiz ta'na qilganini anglab, bosh chayqadi:
-Sen kelmasingdan ilgari bittasi telefon qilib, Rashidovning oʻlgani bilan meni tabrikladi. Odamning razilligini qaragin: birovning oʻlimi bilan tabriklashyapti-ya?! Bu qanaqa tubanlik?! Rashidov meni yoqtirmagan boʻlsa yoqtirmagandir. Har bir tirik odam kimnidir yaxshi koʻradi, kimnidir xushlamaydi. Birovning joni uzilsa suyunadiganlarni “Odam” deb ataymizmi?-jiyani hammasiga oʻzi aybdorday boshini egib jim oʻtiraverdi. U esa uf tortib, soʻng davom etdi:-Men faqat bir narsaga xursand boʻlishim mumkin – hech kimga boʻyin egmadim. Vijdonimga xilof ish qilmadim! Yuragim meni aldamadi. Dunyoda hamma narsa oʻtkinchi, shunday ekan, itga aylanib, xoʻjasining oyogʻini yalamaslik kerak. Qiynalgan boʻlsam, xorlangan boʻlsam, birgina Rashidov aybdor emas. Atrofidagi yaloqxoʻrlari koʻproq aybli...

Shunday deb stol ustidagi korrektura qogʻozlarini qoʻliga oldi-da, nazar tashlagan boʻlib, jiyaniga qaytardi:
-Buni bugun koʻrib bera olmayman. Ertaga ham balki koʻrolmasman. Topshirish zarur boʻlsa, oʻzingning qarab chiqqaning yetarli. Qoʻlyozmadagi qisqartirishlaring yaxshi boʻluvdi, boshqa oʻzgartirishlaring boʻlmasa, mening koʻrishim shart emas. Sen ertaga Rashidov bilan qaerda, soat nechada vidolashuv marosimi boshlanishini bilib kel. Hasan akang yana Maylisoyga ketgan, meni sen olib borasan.
-Shu ahvolingizda bormoqchimisiz?-deb jiyani uni bu fikrdan qaytarmoqchi boʻldi.
-Ahvolimga nima qilibdi? Toʻrt-besh qadam ham yurolmaydigan notavonga aylanib qolganmanmi? Qoʻrqma, opichib olmaysan...

Jiyaniga shu kesatiq kifoya edi. Ertasiga keldi. Vidolashuv yeriga bordilar. Tumonot odam orasida ularni Yoʻlchiev koʻrib qolib, yaqinlashdi:
-Mirza, nima qilib yuribsan bu yerda?-dedi norozi ohangda.
-Men odamiylik burchimni bajargani keldim. Har holda birga ishlaganman, birga tuz totganman. Oramizda yaxshi gap ham, yomoni ham oʻtgan. Yomon gaplar qiyomatga yetib bormasin, shu yerda vidolashib olay.

Yoʻlchiev odamlar orasidan olib oʻtib, mayit qoʻyilgan tobut yaqinigacha birga bordi. Keyin uygacha birga qaytdi. Ichkari kirmay, ostonada xayrlashayotganda:
-Yuraging bunchalik kengligini endi bilibman. Uning aybini kechirib yuborgan ekansan-da, a?-dedi.

Mirzakalon uning koʻzlariga tikilib qarab turib:
-Men undan battar ayblarni ham kechirib yuborganman. Mendan keyin bu dunyoda qoladiganlarda hech qanday haqqim yoʻq,-dedi.

Hozir hazil-huzil qilb oʻtirgan doʻstlari shu rizolikni eslashdimikin? Qattol zamon ularni bir-biriga yov qilmoqchi boʻlgan edi. Yurak tor boʻlganida doʻstlar dushman libosida qolaverardi. Jonlari qil ustida turgan kezlari toʻrttagina oʻzbek birga yashab, hamnafas boʻlib, keyin bir-birining yuziga balchiq chaplasa-ya! Doʻstga xiyonat qilish shunaqa osonmi?

IX

Qamoqxona. 1952 yil, 26 avgust.

Tergovchi hech bir kutilmaganda doʻstlarining nomini tilga oldi:
-Yoʻlchiev, Meliev, Ilyosov... doʻstlaringmi?
-Ha.
-Ularga ishonasanmi?
-Ha...
-Ular senga tuhmat qilishlari mumkinmi?

Nima desin? Ular bu onda ozodlikdalarmi yo shu turmaning biron xonasida azob chekib yotibdilarmi? Azoblarga chidolmay unga qarshi biron nima dedilarmi yo himoyasi uchun biron voqeani tilga oldilarmi? Ularga ishonadi... tuhmat qilishlariga esa... kim biladi, orada shayton bor...
-Mumkin emas,-dedi Mirzakalon ishonch bilan.
-Sen boʻlmaganingda ehtimol Meliev ham, Ilyosov ham frontga joʻnatilib, bitta oʻqqa yem boʻlib ketardi. Sen ularni redaksiyaga chaqirtirib olding. Ilyosovning oʻzi menga aytdi, mladshiy leytenantlar maktabida oʻqiyotganida senga xat yozib, yalingan ekan. Sen nima uchun ularni qanotingga olding? Ular ham oʻzing kabi millatchilardanmi?
-Yoʻq, ularda millatchilik zarrasi ham yoʻq. Gazetani yaxshilash uchun ularning qalami kerak edi. Sovet jangchilarini ruhlantirish uchun kuchli qalam kerak edi. Ular e'tiqodli kommunist edilar.
-E'tiqodli kommunist ekanliklari menga ham ma'lum. Ular shu e'tiqodlariga sodiq boʻlib, sening gʻayrikommunist faoliyating haqida gapirdilar, inkor etmassan?
-Gaplarini bilmay turib, biron nima deyishim qiyin.
-Masalan, eng oddiysi: Ilyosovning aytishicha, Gʻalabadan keyin sen eseschi, gestapochilarning xotinlarini qanotingga olib, maishat qilgansan? Oti esingdan chiqmagandir? Mollimidi?
-Bekor gap!
-Senga tushunolmay qoldim, Ismoiliy? Hozirgina “doʻstlarimga ishonaman, ular menga tuhmat qilmaydi”, deding. Endi esa Ilyosovning ma'lumotini tan olging kelmaydi. Ilyosov tuhmatchimi?
-Tuhmatchi emas... lekin... yanglishgan boʻlishi mumkin. Molli degan ayol bilan tanishligim rost. Lekin u gestapochining xotini boʻlmagan, oddiy nemis ishchisining qizi edi. Bir kuni uni tasodifan xarob bir bostirmada yashayotganini koʻrib qoldim. It bogʻlab qoʻysangiz, chidab turolmaydigan joyda och-nahor yashayotgan ekan. Oʻrtada yashiradigan sirimiz yoʻq, uni oilam ham tanir edi. Vaqti-vaqti bilan kelganda bir dasturxondan ovqatlanardi.
-Ilyosovning aytishicha, Berlindan qaytar mahalingizda Molli homilador ekan.
-Ilyosov shunaqa dedimi?-Mirzakalon alam bilan jilmaydi.-U oʻziniki bilan almashtirib qoʻygandir...

Tergovchi undan koʻzlariini uzmagan holda doʻstlarning ma'lumotlarini birma-bir bayon qildi-da:
-Bilaman, sen bu gaplarni inkor etasan. Lekin inkoring ishonarli boʻlishi kerak. Inkoringni oʻz qoʻling bilan yozib ber, agar tuhmat qilishgan boʻlishsa, jazolanishlari kerak,-dedi.

Mirzakalon turmadagi xonasiga yetgunicha alam choʻgʻlarini yalangoyoq bosib bordi. Ajal bilan olishuvda yelkama yelka turgan doʻstlarning bu qilmishlariga nima deb javob qaytarishni bilmay garang edi “AQD” masalasida xiyonat qilgan Fozilovning qilmishi bularniki oldida holva boʻlib qoldi. Unda Mirzakalon yoshligiga borib, nodonlik qilib Fozilovning qoʻlidagi sirtmoqqa boshini oʻzi tiqib bergan edi. Bu safarchi? Bugungi doʻstlarining tuhmatlari katta jazoga loyiq gaplar emas. Uzoq muddatga qamaladigan boʻlsa, yoki otishga hukm etilsa, boshqalarning tuhmatlari ham yetib ortadi. Mirzakalon doʻstlarining qilmishlaridan qanchalik gʻazablanmasin, ularning bu katta gʻirromlikka aralashib qolishlarini istamadi. Ertami-indinmi chiqadigan hukmga ularning ham hissalari qoʻshilib qolishini xohlamay, raddiya yozishni ma'qul koʻrdi.

U xonasiga kirgach, koʻkragida nimadir yonib, yuragini kuydira boshladi. Nazarida hozir qovurgʻalari ortida gʻimirlayotgan vulqon otashi koʻkrakni yorib, portlab ketadiganday edi. Bu gʻazab olovi pasayishini kutib, soʻng qoʻlga qalam olish niyati vulqon oldida ojiz edi. Oʻtirdi. Qoʻliga qalam oldi. Qogʻozni yaqiniga surdi... Titroq barmoqlar amriga boʻysunmadi – biron harfni ham yozolmadi. Qalamni otib yuborib, oʻrnidan turdi. Xona boʻylab yurdi. Oʻtirdi... Bu hol bir necha marta takorlangach, hovuri sal pasayganday boʻlib, yozishni boshladi:

“Men yuragimdagi millatchilik, dushmanchilik kirlaridan vijdonimni batamom va abadiy tozalash uchun Vatan oldidagi barcha jinoyatlarimni mutlaqo sof koʻngillik bilan iqror qilgan va qilayotgan ekanman, Meliev bilan Ilyosovning guvohliklari tugal toʻgʻri boʻlganda, bularga ham tan berib qoʻya qolardim. Men hozir ularning soʻzlarida haqiqatga toʻgʻri kelmagan joylarni koʻrsatib oʻtaman.

1946 yilning oxirrogʻi yoki 1947 yilning boshlarida harbiy xun hisobiga bosmaxona moshinalari olish uchun Oʻzbekistondan Mahmud Zufarov bilan “Qizil Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetasining birlashgan bosmaxonalari direktori (familiyasi esimda yoʻq) vakil boʻlib keldilar. Bular kelib, Potsdamda menikiga tushdilar va qaytgunlaricha mening mehmonim boʻldilar. Biz (men, Yoʻlchiev va Meliev) ularni yetaklab Sovet administratsiyasiga olib bordik. Ular “Ba'zi narsalar oladigan boʻldik”, deb bizdan ayrilib qolishdi. Kechqurun uyga kelib, bir-ikkita yapaloq bosma mashinasi bilan bir nechta “amerikanka” berishmoqchi boʻlishganlarini, koʻzlagan umidlariga yetisha olmaganlarini aytishdi. Ularning bu gapi mening nashriyotchilik nafsimga tegdi. Meliev ham shu yerda edi. Men vakillarga haqiqat gapni aytdim:
-Urushning tugaganiga bir yarim yil boʻlsa-yu, mashina olamiz, deb endi kelasizlarmi? Shu vaqtgacha qaerda yotgan edingiz?! Mana endi, Amerika oltinlarni olib ketayotganda siz “baraxlo”larni olib keting! Bosmaxonalarimizda buningsiz ham “amerikanka”lar chang bosib yotibdi-ku!

Men bu gapim bilan Oʻzbekiston bosmaxonalari rahbarlarining parvosizligi, “meva pish – ogʻzimga tush”, qabilida ogʻiz ochib oʻtirganlarini haqli ravishda tanqidladim. Amerikaning Germaniya oltinlarini olib ketganligini esa matbuotimiz sahifalarida hamma oʻqigan edi. Meliev bu faktni buzib: “Ismoiliy: “Amerika oltin olib ketayotganda Sovet Ittifoqi “baraxlo”larni tashiyapti”, deb aytdi”, debdi. Melievning bu gapi ham, uning koʻp gaplari kabi, yolgʻonlgini yana bir karra ta'kidlab oʻtaman. Bu mening boshqa jinoyatlarim oldida fil huzuridagi pashsha boʻlsa-da, yolgʻonni – yolgʻon, rostni – rost deb aytishni burchim deb bilaman.

1946 yildamikin, hozir aniq esimda yoʻq, SSSR Oliy Sovetiga saylovlar tayyorgarligi qizib ketgan kunlarning birida, Potsdamdagi sovet ofitserlari uyida saylov komissiyasining saylash majlisi boʻldi. Biz Meliev bilan yonma-yon oʻtirdik. Redaksiyamizning harbiy muxbirlaridan mayor Polyakov komissiya a'zolaridan birining nomzodiga qarshi gapirdi. Meliev darhol:
-Ih, rasvo boʻldi!-dedi. Men sababini soʻradim. U tushuntirdi:-Bizning saylov sistemamizda koʻrsatilgan kandidatga qarshi chiqib boʻlmaydi, chunki roʻyxat yuqoridan tushadi, pastdagilar esa faqat ovoz beradi, qarshi gapirishga haqi boʻlmaydi.

Menga bu qiziq tuyuldi:
-Bu ahvolda demokratiya qaerda qoldi?-dedim, Melievning gapiga ishonqiramay. Meliev kuldi-da:
-Esingiz joyidami,-dedi,-mana shuning oʻzi demokratiya! Hali koʻrasiz, Polyakovning adabini berishadi.

Men tiyilmadim:
-Bu kimning demokratiyasi, aytib berolmaysizmi?-dedim, uni masxara qilib. U kuldi, hazilmi-chin qilib turib:
-Bizning demokratiyamiz!-dedi.
-Sizning, ya'ni Melievning?
-Ha, bizning.
-Demak, siz demokrat?
-Demokrat.

Ana shu suhbatdan keyin Melievga “demokrat” deb laqab berdim. Bu suhbatda men sovet saylov sistemasidan kulgan edim, lekin Melievning kulgisi sababi menga qorongʻu. Ehtimol, u mening nodonligimdan kulgandir?

Bulardan tashqari Meliev mening toʻgʻrimda bergan guvohliklarida “Ismoiliy partiya majlisida odam koʻnglidagini gapira olmaydi”, “Ismoiliy Marshall plani boʻyicha Turkiyaga berilayotgan Amerika yordamini ma'qulladi”, debdi.

Partiya majlisi haqida, Turkiyaga yordam haqida Meliev bilan mening oramda hechvaqt gap boʻlmaganini aniq bilaman. Bu masalalarda Meliev boshqalardan eshitgan yoki miyasiga kelgan fikrini menga toʻnkayotgani men uchun oydan-da, kundan-da ravshan. Ammo men bu bilan oʻzimni unday fikrda emas edim, deyishdan juda-juda uzoqdaman, chunki har bir oʻzbek millatchisi kabi, men ham Turkiyaga sajda qilguvchilardan, Turkiyaning muvaffaqiyatlarini eshitganda ichiga sigʻmay quvonguvchilardan edim-ki, Marshall planini, albatta, koʻngilda yoqlar edim. Melievda shunday tuygʻu mavjudligiga ishonmayman, demak, u bilan bu haqda gaplashmogʻimiz mantiqdan emas.

Endi “partiya majlisida odam koʻnglidagi gapni aytolmaydi”, degan masalaga kelsak, bu ham Majidiy haqida yozilgan hikoya ham Melievning uydirmasi. Oramizda bunday gap boʻlgan emas. Partiya majlisida partiyaga qarshi emas, partiya oldinga surgan tadbirlarni amalga oshirish masalasi va choralari koʻriladi. Partiya majlisi men singari millatchilarning dushmanchilik, yemiruvchilik harakatlari amalga oshiriladigan joy emasligini yaxshi bilaman. Men Melievning uydirmalarini rad qilish bilan oʻzimni gunohlardan, hech boʻlmaganda tilga olingan gunohlardan pok edim, deb da'vo qilmoqchi emasman. Zinhor, men bu fikrlardan juda-juda uzoqdaman. Men, tuyadek gunohlarimni boʻyinga olaturib, pashshadek ingichkasidan voz kechish harakatida emasligimga ishonilishni iltimos qilaman. Men bu narsalarni oʻzimni oqlash uchun emas, haq-adolat xotiri uchun rad etayotibman, xalos.

Endi Ilyosovning meni “antisovet kishi ekanligini koʻp vaqtlardan beri bilar edim”, degan soʻziga picha toʻxtab oʻtmoqchiman. Bu gapi yolgʻon, aniqrogʻi, mantiqsiz. Men antisovetchi sifatida oʻzimni har joyda koʻz-koʻz qilmaganman. Davlatga qarshi fikrlarimni hammaga ham aytavermaganman. Ilyosov tabiatida qoʻrqoqlik boʻlgani uchun siyosat haqida mutlaqo gaplashmaganman. Nazarimda, Ilyosov eng yaqin tanishlari bilan ham bu haqda gaplashmagan boʻlsa kerak. Bilganim shuki, biron davrada siyosatdan gap ochilguday boʻlsa, oʻsha zahoti Ilyosovning yo qorni ogʻrib qolardi, yo boshqa sabab bilan bu davradan uzoqlashardi. Agar u maxsus idoralar bilan hamkorlik qilsa ham, ishonchim komilki, yetarli ma'lumotlar yetkazib berolmagan boʻlardi. Xoʻp, deylik, Ilyosov mening antisovet kishi ekanimni bilgan boʻlsa bilgandir. Endi shu bilishini mantiqan tahlil qilib koʻraylik-chi, qanday ma'no kelib chiqarkin?

Birinchisi shuki, biz Ovrupch shahri yonida turganimizda, Novosibirsk mladshiy leytenantlar maktabidan: “Siyosiy boʻlim orqali meni chaqirib oling, men siz bilan ishlamoqchiman”, deb nega xat yozdi ekan? Sof sovet kishilari yoniga emas, antisovet kishi yoniga nechun tolpindi ekan? Imonim komilki, aslida kim ekanimni bilganida menga intilgandan koʻra qiyomat janggohini afzal koʻrgan boʻlardi. Men gazetada bosilgan she'rlarining ba'zan yarmini, ba'zan yarmidan ham koʻpini, badiiy va mafkuraviy jihatdan past topib, oʻzim boshqadan yozib chiqqanimda nega e'tiroz etmadi? Nega bularni keyincha Toshkentda oʻz imzosi bilan “Shonli sahifalar” toʻplamida bostirib chiqardi ekan? Nihoyat, mening sovetlarga qarshi kishi ekanimni bilaturib, 1946 yilda VKP(b) kandidatligidan haqiqiyga oʻtayotganimda nega tavsiyanoma berdi ekan, partiyaga mendek yaramas axlatni koʻra-bilaturib nega olib kirdi ekan? Bu savollarning javobi bitta: “Ismoiliyni antisovet kishi ekanligini koʻp vaqtlardan beri bilar edim”, degan gapi qoʻrquv natijasida toʻqilgan uydirmadir.

Ilyosov yana bir guvohligida: “Ismoiliyning puli koʻp edi”, deb oʻrtaga shubha soyasini tashlaydi, ammo aytgan gapiga oʻzi hisob bermaydi. Demak, hisobni men berishim kerak. Men, avvalo, gazetaning mas'ul sekretari boʻlganim uchun Ilyosov va Melievlardan bir necha yuz marka ortiq oylik olardim. Bu – bir. Qolaversa, Ilyosov va Meliev kabi har qaerlarda sanqib yurmay, koʻproq uyda boʻlar edim. Bu – ikki. Nihoyat, men Ilyosov va Meliev singari har kun bir-ikki butilkadan araq boʻshatmas edim. Bu – uch! Yoʻlchiev, Meliev, hatto Ilyosovning oʻzi ham tasdiq etsa kerak, Potsdamda turganimizda biron kun oʻtmas edi-ki, Ilyosov stoliga ertalab ikki-uch butilka shnabs terib qoʻyib, kechgacha ichib bitirmasin!

Gapimning oxirida shuni ham aytib ketayin, xotinim Toshkentdan oʻn ming soʻm pul bilan keldi. Xotinimning opasi Muhtaram yangi uy solgan ekan, shunga turli parda, har hil narsa olib kel, deb singlisiga, ya'ni mening xotinimga oʻn ming soʻm pul berib yuboribdi. Xotinim Potsdamga kelganidan keyin oʻsha pulga xarid qildi. U puldan Meliev xabardor boʻlganidek (chunki xotin- bola-chaqamizni Toshkentdan Meliev olib kelgan), Ilyosovning xotini, xususan Ilyosovning oʻzi ham xabardor boʻlishi kerak. Menda pulning nisbatan koʻpligi, Ilyosovda esa nisbatan ozligi sababi shunday. Ilyosov oʻzining guvohlik koʻrgazmasida “Melievni 1943 yildan beri taniyman”, deb yolgʻon gapirganidek, “Berlinda, Abdulla Toʻlaganning xotininikiga menga bildirmay borishgan, men bexabarman”, deyishi bilan ham haqiqiy holni tamom buzib koʻrsatgan. Abdulla Toʻlaganning xotini Rut bilan aloqani bayon qilishda Meliev ham notoʻgʻri gaplarni yozgan. “Men,-deb yozibdi Meliev,- maxsus boʻlimning topshirigʻi bilan Rutga ikki-uch bor uchrashdim. Maqsadim: Vali Qayumxon bilan Abul Zavqiy surati bosilgan jurnal qirqmasini olish edi. Biz bu qirqmani men, Ismoiliy, Yoʻlchiev Rutnikiga borganimizda koʻrgan, lekin olmay, tashlab kelgan edik. Maxsus boʻlim: “Tezroq olib kel”, deb qistagani uchun, Rutni koʻrishga, unikiga borishga majbur boʻldim”.

Ehtimol, Rutnikiga borishga boshqa narsa majbur qilgandir, bunisi menga qorongʻu. Mening aniq bilganim shuki, birinchi borgan kunimizoq Abdulla Toʻlaganning nemis xotini bizga jurnal qirqmasini hech bir qarshiliksiz, gumonsiz bergan va biz uni olib kelib uyda Rutni kutib oʻtirgan Ilyosovga koʻrsatgan edik. Soʻng bu surat mening yozuv stolim ustida ochiq holda bir necha kun yotgan edi. Maxsus boʻlim xodimlarining bu surat bilan qiziqishganlarini men eslolmayman. Haqiqatda boʻlgan voqeani yolgʻonga boʻktirib bayon qilishdan Meliev bilan Ilyosovga qanday manfaat bor ekan, hayronman!..

Bolalarimiz harkun: “Qachon uyga ketamiz? Qachon Toshkentga ketamiz?” deb qistar, ularni har tarafdan bizga yot boʻlgan chet el hayoti, qandaydir yurakni siquchi kulrang tabiati, umuman, hamma narsa, hamma narsasi zeriktirgan edi. Bolalarimiz, hamma baxtli bolalar kabi, oʻz vatanlariga pok dil, oq koʻngil bilan intilar, baxt quyoshining hayotbaxsh nurlarini birinchi marta emgan oʻz inlariga qush boʻlib uchishni istar edilar. Bolalarimizni intizor qilgan oʻsha yorugʻ kun keldi. 1947 yil aprelining oxirida Potsdamdan mashinalarga oʻtirib, Oder Frankfurtiga keldik va u yerdan, poezdga tushib, sovet Ittifoqiga, Brestga joʻnadik.

Frankfurt vokzalidan chiqib, Oder koʻprigiga yaqinlashganimiz sari bizning nigohlarimiz Germaniya tuproqlariga mixdek sanchilib bordi. Men Yoʻlchiev bilan, Meliev Ilyosov bilan, vagon derazalariga yopishib olib, kechagi dushman yeridan koʻz uzolmay tikilib borar edik. Bir-birimizga hech nima demas, toʻgʻrisi, sir boy bermas edik. Ilyosovning guvohligiga qaraganda, bolalar chaqchaqlashib turganda men xomush boʻlib qolgan ekanman. Oder koʻprigidan oʻtayotganda esa yuragimda choʻkib yotgan dard, yengil poʻkakdek, yuzaga qalqib chiqib:
-Xayr, baxtimizni kuldirgan ikkinchi vatanim!-deb yuborganmishman. Keyin boʻshashib “bu yerlarda yayrashganlarimiz bir tush boʻlib qoldi endi. Endi tushda ham ham koʻrish yoʻq bu rohatli hayotni. Dunyoga bir keldig-u, ketdik-da!” deganmishman.

Esimda bor, Ilyosov tilga olgan vaqtda poezd urush vaqtida buzilgan omonat koʻprikdan oʻtayotgandi. Poezd daryoga qulashi ehtimoli borligi uchun qoʻrqib ketganidan uning rangi boʻzargan, qaysi birimiz gapirgan boʻlsak-da, eshitib, esida saqlab qolishi mumkin emasdi. Agar bu voqea Turkiyada sodir boʻlganida edi, uni “ikkinchi vatanim”, desam arzirdi. Necha millionlab odamlarning yostigʻini quritgan urushni boshlagan mamlakatni “ikkinchi vatanim” deydigan tilimni oʻzimla kesib tashlagan boʻlardim...

Doʻstlarimning uydirmalariga qarshi men bundan oʻzgacharoq izoh bera olmayman...”

Turmaning bir kishilik siqiq xonasida xotiralar iskanjasida oʻtirgan Mirzakalonning qoʻli tolib, qalamni qoʻydi. Nafis adabiyot namunalarini yozishi kerak boʻlgan bu qoʻl, bu qalam, hayot haqiqatlarini oʻylab, mulohaza qilishi lozim boʻlgan bu ong qandaydir pastkash yumushlar bilan band edi. Mirzakalonning yuragi bu turma siqiqligidan emas, shu tuban ishlar bilan band ekanidan azob chekardi. Bayonni yozish oldidagi gʻazabi bir oz bosilganday boʻlib, doʻstlarining guvohliklarini yana bir bor aql koʻzgusidan oʻtkazdi. Ayniqsa Ilyosovning gaplari uni sergaklantirdi. “U nodon,-deb oʻyladi,- menga qarshi guvohlik berib, oʻzining jonini saqlab qolmoqchi boʻlgan. Agar tergovchi sergaklik qilsa, uning gaplaridan teskari ma'no ham topib, oʻzini qamaydi. Ismoiliyning millat dushmani ekanini uzoq vaqt davomida bilgani holda indamay yurish jinoyat ekanini nahot u nodon bilmasa?” Bu savolga javob oʻrniga unda noxush gumon uygʻondi: “Indamay yurganmikin yo uzoq vaqt davomida kerakli joyga gap tashib, tirikchilik qilganmikin?” U gumonga asoslanib doʻstini ayblay olmas edi. Shu sababli xayolini chalgʻitishga urindi.

Doʻstlar haqida fikr yurita turib, tergovchi ikki-uch marta Jalolovning nomini tilga oldi. Toʻgʻri, Jalolov yaralanib, uyiga qaytgandan keyin xat orqali muomala qilib turdilar. Lekin bu maktublarda siyosatga tegishli biron bir kalima yoʻq, boʻlishi ham mumkin emas edi. Toʻgʻri, u Jalolovni urushdan oldin yaxshi bilmasa-da, frontda sirdosh, darddosh doʻst maqomiga erishgan, shu bois uyga qaytgan kunlariyoq u bilan topishgan edi. Tergovchi eslatgan ziyoratga ham u bilan birga borgandi.

...Mirzakalon bojasining xastaligini eshitib, bayram kuni uni yoʻqladi. Bojasi huzurida Jalolovdan tashqari yana bir kishi bor edi. Bojasi uni “doʻstim Qoraxoʻjaev”, deb tanishtirdi. Mirzakalon yaqinda Germaniyadan qaytgani uchun u odam horijning ahvoli bilan qiziqdi. Mirzakalon Germaniya haqida gapira turib, savdo-sotiqda ustasi farang hisoblangan bojasiga qarab hazil qildi:
-Xoʻb, siz bop joy ekan-da... Siz oʻshanday joyda boʻlsangiz, oz vaqtda millioner boʻlib ketardingiz. Sizga oʻxshab savdo ishlarida suyagi yoʻqlarga makon boʻladigan ekan. Har kim xohlaganini qiladi: birov doʻkon ochib sotsa, birov korxona olib, mol chiqaradi.
-Oʻshanday joylarda mazza qilib yurdim deng?..-Jalolovning bu gapi zamirida hasad bormidi yo ogohlantirishmi, Mirzakalon u damda anglay olmadi. Faqat hazil tariqasida boshlagan gapi “kapitalistik sistemani, xususiy savdoni maqtash” libosi bilan kerakli yerga yetib borishini fahmlab, mavzuni oʻzgartirdi. Koʻngli oʻshanda aldamagan ekan, oradan uch yil oʻtsa-da, u gap unutilmabdi. Kimning xizmati evaziga shunday boʻlgan – unga qorongʻu. “Bu vagon quloqdan ishlangan” degan, oʻzbek jangchilarining ayanchli ahvolidan kuygan odamning bunday tubanlik qilishiga ishongisi kelmaydi.

1947 yil, oʻsha kunlarning nari-berisida Jalolov ishlaydigan idoraga borgan edi. Idora rahbarligini yaqinda qabul qilib olgan Jalolov oʻsha kuni nimadandir gʻashlanib oʻtirardi. Mirzakalonni koʻrib dardini yordi:
-Mendan oldingi odam hamma ishning rasvosini chiqarib ketibdi. Uning poʻstagini qoqay desam, yuqoridagilar qoʻyishmaydi. SKda uning himoyachilari bor! Hammasi bizni eshak qilib minishadi. Bir narsa desang –“millatchi!” deb miyangga bir musht urishadi – yerga kirib ketasan. Haqiqat yoʻq, Ismoiliy, haqiqat yoʻq!-Jalolov, alami ortib, tutaqdi. Chekib turgan papirosini zarda bilan kuldonga eza turib, soʻzini tamomladi:- Mening nomim rahbar emish! Bitta farroshni ham SKning sanksiyasisiz ishga ololmaganimdan keyin mening qimmatim nima boʻldi?! E-e, menga desa oʻt tushib ketmaydimi!

Oʻshanda bu alamni Ismoiliydan gap olish uchun aytmagan edi. Yuragini siqib turgan dard tufayligina gapirgandi.

Mirzakalon “Qizil Oʻzbekiston” rahbari bilan chiqisha olmay ishdan ketishni maqsad qilib Jalolov bilan maslahatlashdi. Garchi bu vazifa matbuot olamida yuqori martaba hisoblansa-da, ijoddan uzoqroq boʻlgani sababli Mirzakalonning bu ishga koʻngli boʻlmagan, avval-boshdayoq Markazkomning taklifini qabul qilishdan boʻyin tovlab, “bu ishning ogʻirligini, xoʻjalik va madaniyatning hamma tarmoqlarida ma'lum darajada bilimga ega emasligini” bahona qilgan edi. Bu bahonasi oʻtmagach, partiya lozim koʻrgan vazifadan boʻyin tovlashning yomon oqibatga olib kelishini oʻylab, koʻngandi. Gazeta rahbari bilan chiqisha olmasligiga koʻzi yetgach, ishdan ketishga yangi bahona izladi. Joʻyali bahona xayoliga kelavermagach, eskisini sal boshqacha uslubda bayon etdi: “qishloq xoʻjalik va sanoatda qariyb hech narsa bilmaganligi natijasida mas'ul kotiblikni koʻngildagidek eplab ketolmasligiga koʻzi yetganini” Jalolovga aytganida, u Mirzakalonning ahdini ma'qulladi:
-Toʻgʻri qilasiz, boʻynidan bogʻlangan it ovga yaramaydi, deganlaridek, siz bilan biz bunaqa dastyorchilikka yaramaymiz. Axir mana bu...- dedi Jalolov, koʻrsatgich barmogʻi bilan koʻkragiga ikki-uch urib. Mirzakalon uning nima demoqchi boʻlganini darhol angladi va ham tasdiq, ham savol ohangida:
-Dil boshqayu til boshqa?! -dedi. Jalolov charaqlab ketdi va koʻnglidagi gapni yarim soʻzidayoq tushungani uchun, choʻzib tahsin aytdi:
-Ha-a barakalla!-Keyin maslahat bera boshladi:- Janjal qilmang, yaxshilik bilan boʻshab oling. Ishqilib, bularning koʻziga yomon koʻrinishdan saqlaning. Ha! Boʻlmasa, bilasizmi, yeb tashlashadi, ha, Ismoiliy, koʻzingizni oching! “Men frontda u qildim, bu qildim!” deysiz-da? He-e, ikki chaqa! Eshak loydan oʻtib boʻlgan!

Shu mazmunda ancha gaplashishgach, Jalolov markazkom kotibi bilan gaplashib, uning ishdan bejanjal, osongina boʻshashiga yordam berajagini aytdi.

Ular kunda boʻlmasa – kun ora, buning iloji topilmasa, haftada ikki marta uchrashishardi. Jalolov uni koʻrgan zahoti “Nima gap? Radioda nimalarni eshitdingiz?” deb soʻrardi. Mirzakalon qisqa toʻlqindagi Anqara radiosidan eshitganlarini, Jalolov esa “Bi-bi-si”dan eshitganlarini oʻrtoqlashardi. Mirzakalon Nuriddin Osim ismli boshlovchi tomonidan oʻqiladigan “Oʻtmishda bugun” deb nomlangan eshittirishni doimiy ravishda tinglardi. Bu radioeshittirishda oʻtmishda boʻlgan tarixiy voqealardan bahs etilardi. Bir kuni Nuriddin Osim Amir Temurni “Samarqandda oʻtgan mashhur turk sarkardasi”, deb gapirganda Mirzakalonning gʻashi keldi. Ertasiga buni Jalolovga ayta turib: “Oʻzbek” degan soʻzni tilga ham olmadi, dayusning bolasi! Hatto “Oʻzbekiston shaharlaridan biri Samarqandda oʻtgan” desa ham mayliydi”, deb kuyindi.
-Bular shunaqa... Bitta katta ogʻadan bezib, u tomon qarasak, yana boshqa katta ogʻa da'vo qilib turibdi,-dedi Jalolov afsus bilan.

Ularning har suhbatlari shu kabi yangiliklar bayoni bilan oʻtardi. Ayniqsa Jalolovning qiziqishi kuchli edi. “Nima gap? Qanday yangi xabarlar eshitdingiz?” degan savollardan charchamasdi. U Mirzakalondan yangiliklarni shunday soʻrardiki, ba'zida goʻyo jonini ombur bilan sugʻurib olayotgandek boʻlardi. Mirzakalon uning bunchalik qiziqishlaridan oxiri shubhaga tusha boshladi va bu shubhasini yashirmadi:
-Jalolov, siz, nima balo, Davlat havfsizligi ministrligining odamimisiz? Mendan hadeb shunaqa narsalarni soʻrayverasiz-a?-dedi. Jalolov avvaliga kuldi, keyin xafa boʻlgan bir qiyofada gapirdi:
-Topgan gapingizni qarang!-shunday deb oldidagi qogʻozlarni kavlashtira boshlab, ilova qildi:-Qoʻrqmang, sizning narxingiz mening qoʻlimda emas!

Mirzakalonning shubhasi nafsoniyatiga tegdi shekilli, Jalolov endi undan yangiliklarni kam soʻraydigan boʻlib qoldi. Mirzakalonning Germaniyadan olib kelgan radiopriemnigi buzilib qolgach, yangiliklarni oʻzi aytadigan boʻldi. Ana shunday kunlarning birida u Nʼyu-Yorkda bir rus muallimasi Sovet elchixonasining ikkinchi qavatidan oʻzini tashlab qochganini, Sovet Ittifoqiga qaytmaganini, Germaniyada xizmat qilayotgan sovet ofitseri Londonga qochib kelib, “Bi-bi-si” radiosi orqali gapirganini aytib berdi. Bunday suhbat faqat ikkovlari orasida boʻlardi. Jalolovning qadrdonlari ishtirokidagi palovxoʻrlikda siyosatdan umuman gap ochilmasdi. Davra asosan askiya bilan qizirdi. Rasuljon Muhammadiev usta askiyaboz, Ibrohimjon Ergashev undan qolishmas, Jalolov bu sohada noʻnoqroq boʻlsa-da, tatalashib turardi. Noʻ'monjon Gʻulomov bilan Mirzakalon askiyani kulgilari bilan quvvatlab oʻtirishardi.

Samovorda yo uyda, palovga biron qozon osilmas ediki, u yerda Jalolov bilan Mirzakalon birga boʻlishmasa. Ayniqsa, Jalolov uyida oʻzi osh damlaydigan boʻlsa, darhol telefon bilan: “Keling, oʻzim yolgʻiz yegim yoʻq, biron ulfat boʻlmasa oʻtmaydi”, deb chaqirar, xotinining esa palovni yomon koʻrganligini ayta turib, yarim hazil, yarim erkalash ohangnida: “oʻrus-da, oʻrusligiga boradi, palovning qadriga yetmaydi xush yoqmas!” deb qoʻyardi.

Jalolovning uyidagi ana shunday palovxoʻrlikdan soʻng ikkovlashib Telʼman nomidagi bogʻni aylangani chiqdilar. Pivo sotilayotgan joyni chetlab oʻtolmay, tomoqlarini “hoʻllab” olish bahonasida toʻxtadilar. Oʻsha kunlari Berlin taqdiri yuzasidan kelishmovchiliklar chiqib turgani uchun suhbatlari shu mavzuga koʻchdi. Jalolov Amerika-Angliya tutgan yoʻl haqida gapira turib, urush chiqib ketish ehtimoli borligini aytdi. U tabiatan siyosiy tahlilni yoqtirardi. Bu safar ham tashabbus uning qoʻlida boʻldi:
-Urush chiqib ketsa ham ajabmas. Ammo biz gʻaflatda qolmasligimiz kerak. Hozir uyushish vaqti-yu, lekin uyushib boʻlmaydi...


Jalolovning bu gapi Mirzakalonga “AQD”ning birinchi majlisini eslatib, eti bir jimirlashdi-yu, suhbatdoshini beihtiyor bu savol bilan boʻldi:
-Rostingizni ayting, Jalolov, siz MGBning odami emasmisiz,a? Shu qadar qoʻrqmasdan ochiq gapirasiz-ki, goʻyo bu gaplaringiz uchun sizni birov javobgarlikka tortmaydigandek.

Jalolov bu safar kulmadi. Boʻzardi. Quyuq, tutashiq qoshlarini osiltirib, nafrat toʻla gʻazab bilan gapirdi:
-Sizdan qoʻrqamanmi? Borib gapiring, soʻrasalar: “Bu tuhmatchi!” deb betingizga tufuraman. Siz ham xuddi shunday qilishingiz mumkin. Ammo gaplashishning yoʻlini bilish kerak. Hozir yonimizda yana bir kishi boʻlsa, men bu gaplarni aytmas edim. Nega? Bir kishining guvohligi oʻrin oʻtmaydi. Ikki kishi guvohlik berib tursa-chi? Qochib boʻpsiz! Alohida gaplashish mumkin. Lekin uyushdingizmi, qamalasiz! Mana shuning uchun uyushib boʻlmaydi, deyman. Lekin har birimiz oʻz holimizcha tayyor boʻlib turishimiz kerak. Harakat payti kelganda ivirsib qolmaylik. Darhol hokimiyatni qoʻlga olib, ichki ishlar ministrligiga kuchli odamlarni qoʻyish kerak.

Jalolovning ishonch bilan aytayotgan gaplari ta'sirida Mirzakalon bu vazifani uning oʻziga yuklab qoʻydi:
-Siz oʻzingiz borsiz-ku? Sizdan ma'quli yoʻq,-dedi hozirgina undan shubhalanganini unutib. Jalolov uning bu gapiga “ha” ham demadi, “yoʻq” ham demadi. “Oʻz koʻnglicha, hukumat rahbarligini moʻljallab yuradi shekilli, men uni pastga urib yuboribman-ku?”-deb oʻyladi Mirzakalon.

Pivaxonadan chiqib Pushkin va Asaka koʻchalari burchagida, maydoncha oldida turib, boshqa mavzuga oʻtdilar. Jalolov endi oʻzi xayol qilgan “kelajak oʻzbek milliy burjua davlati”ning xoʻjalik ministriga aylangan edi, goʻyo. U “Oʻzbekistondan sakson yildan beri tashib ketilayotgan” qorakoʻl terilari haqida gapira boshladi:
-Moskva Oʻzbekistondan har yili ikki yuz mingga yaqin qorakoʻl tashib ketadi. Har bir teriga Amerikada bitta avtomobil berar ekan. Agar terilarni Oʻzbekiston oʻzi sotsa, uningda aholisining har biri bittadan avtomobillik boʻlib qolar edi.

Mirzakalon xoʻjalik ishlariga omil boʻlmagani uchun, bu hil hisob-kitoblar bilan qiziqmas edi. Shuning uchun oʻz manfaati koʻzgusi bilan qarab, bunday dedi:
-Qirq yoshga kirib, hali bitta qorakoʻl yoqa koʻrmabman-ku, siz avtomobildan gapirasiz. Hammasi Amerikaga ketadi, deng?
-Boʻlmasa, magazinlarda bosilib yotmasmidi?-dedi Jalolov afsus bilan uf tortib.

Bu soʻzdan keyin, xayrlashib, uy-uylariga ketdilar. Mirzakalon Jalolovning gaplarini yoʻl koʻyi oʻylab bordi va koʻrpaga kirganidan keyin ham, bu yopishqoq oʻy changalidan uzoq vaqtgacha uyqusini ajratib ololmadi. Uni ikki vahima bosar edi: bir yoqdan Jalolovni provokator-igʻvogar deb qoʻrqsa, ikkinchi yoqdan uning haligi gaplarini “Sovet davlatiga qarshi uyushtirilgan millatchilar tashkiloti” nomini olgan “AQD”ning programma nutqiga oʻxshatib, yuragi orqaga tortib ketar edi. Axir bir qur tashkilot tuzib ta'zirini yegan edi-da! Jalolovning dahshat boʻlib tuyulgan u gaplarini bir kecha emas, bir necha kechalar va kunduzlar oʻyladi. Natijada birini tanlab olish sharti bilan oldiga ikki masala qoʻydi. Biri – Jalolov bilan aloqani uzish-u, tinch yashab qolish, ikkinchisi – Jalolov bilan aloqani davom ettirib, sovetga qarshi millatchilik gaplarini va harakatlarini jonlantirish barobarida oʻzlariga oʻxshaganlarni birlashtirib, tashkilot tuzish. Bir marta ogʻzi kuygani uchun qatiqni ham puflab ichadigan odam nima qilardi? Albatta birinchi yoʻlni tanlaydi-da.

Mirzakalon Jalolovdan uzoqlashdi-yu, ammo tinch yashab yurish unga nasib etmadi. Baribir qamoq panjarasi uni oilasi bagʻridan, shirin oruzlardan ajratdi. Tergovchi Jalolovning nomini tilga olib turgani bilan ular orasidagi suhbatlarning ikir-chikiriga toʻxtalmadi. Uyushmoqlik muammolarini ham tilga olmaganidan bildi-ki, oʻsha paytda Jalolovdan bekorga shubhalangan ekan. Sovetlarga qarshi yangi tashkilot tuzish haqidagi gap, demak, boshqa oqava orqali yetib kelgan bu yerga. Bu oqavaning boshida kim turgan boʻlishi mumkin? Bu savolga Mirzakalonning javob topishi qiyin boʻlmadi. Qamalgan kunlarining uchinchi haftasida avval tashqarida, dahliz tomonda, tahmini boʻyicha, roʻparadagi temir eshikning sharaqlab ochilganini soʻng yopilganini eshitdi. Keyin soqchining “devorga qarab tur” degan qisqa buyrugʻini, sal oʻtmay esa ogʻir-ogʻir qadam tovushlarini eshitdi. Besh-oʻn qadam yurilgach, tanish ovozni eshitib, seskanib ketdi:
-Oxunovni ham tashkilotga kirishga majbur qilgan ekan, de!
-Gapirilmasin!-deb buyurdi soqchi. Lekin u quloq solmadi:
-Oʻldiraman, deb qoʻrqitgan!-deb baqirdi tanish ovoz.
-Gapirilmasin!

Soqchi shunday deb baqirib tepdi shekilli, mahbus ixrandi.

Mirzakalon doʻstlaridan biri Abdumannon Rahimovni ovozidan tanib, unga achindi. Ammo kimga gapirganini, bu gapning ma'nosi nima ekanini anglamadi. Buni oradan ikki oy oʻtib, tergovchining soʻzidan, soʻng yuzlashtirishdan bildi. Ungacha Abdumannonning ukasi Abdujavlonning ham qamalganini bilmagan edi. Tergovchi dastlabki soʻroqda Oxunovni nima uchun qoʻrqitganini soʻraganda Mirzakalon bunday gapdan xabari yoʻqligini aytgan edi. Bu savol bir necha marta takrorlanganda ham tuhmatni boʻyniga olmagach, Abdujavlon bilan yuzlashtirildi.

Odatda kishi boshqa odamga yuzma-yuz turgan holda tuhmat qilayotganida, agar vijdoni ozgina saqlanib qolgan boʻlsa ham, koʻzlarini olib qochardi. Abdujavlon Mirzakalonni hayron qoldirib, kipriklarini hatto pirpiratmadi ham.
-Ismoiliy avval akamni, keyin meni zoʻrlagani yetmay, Oxunovni ham “tashkilotga kiring”, deb majbur qilgan,-dedi. Keyin tusini oʻzgartirmagan holda bu “voqea”ni hikoya qilib ketdi:-Men hovlimda u yer-bu yerni chopib yurib edim. Bir vaqt Oxunov kelib qoldi. U aslida akamni izlab kelgan ekan, topolmay, mening oldimga kiribdi. U yoq-bu yoqdan gapirishib turib, Oxunov menga: “Bilasizmi, Ismoiliy juda yomon odam ekan-ku!” dedi. “Nega?” desam, “Meni bir antisovet tashkilotga taklif qildi. Sizni ham taklif qilgan ekan-ku?” dedi. Men quruqqina qilib: “Ha”, dedim-da, gaplashmay ishimni qilaverdim.

Akasining qutqisi bilan oʻrtaga tashlangan bu uydirma oʻz razilligi bilan Mirzakalonni qanchalik hayratga solgan boʻlsa, terovchi uchun ham yolgʻonligi oshkor boʻldi shekilli:
-Nega bu xabarni oʻsha paytda bizga ma'lum qilmadingiz? Qamalganingizdan keyingi dastlabki soʻroq paytida ham indamadingiz?-deb soʻradi.
-Ismoiliy boʻyniga olar, iqror boʻlar, deb oʻylagan edim,-dedi Abdujavlon, uyat koʻchasining naryogʻida turib.

Oxunovning aytganlariga Abdujavlonning parvosiz qaragani, “ha” deb qoʻya qolgani uning fe'lini yaxshi bilgani uchun Mirzakalonga yanada gʻalati tuyulib, savol berishdan oʻzini toʻxtata olmadi.
-Oxunovning koʻziga “ha” deb qoʻya qolganingiz sira xarakteringizga mos kelmaydi-ku? Bunday paytlarda indamay ketavermasangiz kerak edi, a?
-Jim boʻling! Savol berishga haqqingiz yoʻq!-deb baqirdi tergovchi Mirzakalonga oʻqrayib qarab.

Jalolovning ikki yil oldin aytgan gapi haqiqat sifatida shu qamoqxonada oʻz isbotini topdi: “bir kishining guvohligi oʻrin oʻtmaydi. Ikki kishi guvohlik berib tursa-chi? Qochib boʻpsiz!” Ikki kishining guvohligi yetarli, deb oʻyladimi, har holda tergovchi Rahimovlar haqida kamroq soʻradi. Mirzakalon bundan havotirlana boshladi. Ochigʻi, yangi tuhmatlar, uydirmalar oqavasining ochilib ketilishidan qoʻrqdi. Bugun tergovchi Berlindagi doʻstlar uydirmalari haqidagi yangilikni oshkor qilgach, ularga tegishli gaplarini bayon qilib boʻlganidan keyin, garchi tergovchi talab qilmagan boʻlsa-da, Rahimov haqida bilganlarini yozishga kirishdi:

“Men, armiyadan boʻshab kelgach, Abdumannon Rahimovning adabiy tanqidchi boʻlib yetishganini eshitgan va adabiyotimiz taraqqiyoti uchun eng zarur boʻlgan tanqidchilik sohamizning bir iqtidorli kishiga ortgani sababli chinakam quvongan edim. Men “Sharq yulduzi” yulduzida mas'ul sekretar boʻlib ishlab yurgan kezlarim, Oybek Yozuvchilar soyuzi raisligidan boʻshab, uning oʻrniga Sharof Rashidov saylangan kuni Abdumannon ikkovimiz Oʻznashr tomonga qarab yurdik. Men Sharof Rashidov bilan aloqamiz yaxshi emasligini, u bilan birga ishlamay, gazetadan ketib qolganimni aytdim. Shunda Abdumannon oʻylanib turib:
-Unday boʻlsa jurnaldan tezda boʻshab oling, bu odamning fe'li yomon sizni tinch qoʻymaydi – yeb tashlaydi,-dedi. Men ham shu fikrda ekanimni bildirdim.

1949 yilning erta bahorida boʻlsa kerak, Oʻzbekiston sovet yozuvchilari klubining ayvonida, ikkinchi qavatda Asqad Muxtorov “1948 yilda oʻzbek poeziyasi” degan mavzuda doklad qildi. Bu majlisda aksar yozuvchilar qatorida men, Abdumannon Rahimov ham bor edik. Majlisda dokladchi Rahimovni formalizmda picha ayblab oʻtdi. “Mirmuxsinning “Usta Gʻiyos” poemasidagi eng yaxshi joylarni yomonlab, tanqid qilgan”, dedi. Rahimovning gʻazabi qaynashi uchun shu bir-ikki tanqidning oʻzi kifoya edi. Majlisdan soʻng pastga, koʻchaga tushganimizda u men bilan Ma'ruf Hakimovni Pushkin musofirxonasining bufetiga kirib pivo ichishga taklif qildi. Rozi boʻldik. Kirdik. Biroq, pivo yoʻq ekan. Och qoringa aroq ichdik. Soyuzdagi ishlar haqida, oʻsha kungi doklad va tanqid haqida gaplashib oʻtirib, 200-300 grammdan aroq ichib qoʻydik. Rahimov hisob-kitobni qildi, turib ketdik. Yashinning uyigacha birga bordik. Yashin va Halimaxonim qayoqqadir ketganlari uchun, Ma'ruf Hakimov vaqtinchalik Yashinning uyida turgan ekan. Darvozasi roʻparasiga kelganimizda oʻzbekchilik qilib, uyga taklif etdi, biz ham “yoʻq” demasdan kirdik. Men kayf ustida kirganimni va u yerda Ma'ruf Hakimovga (pulini men berdim shekilli) yarim litr aroq oldirib ichganimizni, mastlikda allanimalar haqida gaplashganimizni es-es bilaman. Abdumannon oʻzining bir ayol mijozi bilan telefonda gaplashdi chogʻi. Keyin xayr-ma'zurlashib chiqib ketdik. Uylarimiz bir tomonda boʻlgani uchun Rahimov bilan birga ketdik. Ammo piyoda ketdikmi yo tramvaydami – aniq eslolmayman. Shunisini es-es, arang xotirlaymanki, Abdumannon ikkovimiz Pushkin va Niyozbek koʻchalarining burchagida, Lagerlar boshqarmasining qarshisida, hozirgi trolleybuslar aylanasida turib uzoq gaplashdik. Bu “uzoq vaqt” deganim haqiqatda uzoq vaqtmidi, uzoq vaqt boʻlsa – minutlar yo soatlar davom etdimi yoinki qattiq mast boʻlib es-hushimni yoʻqotib qoʻyganim uchun menga shunday uzoq vaqt boʻlib tuyuldimi? Men bu savollarning hech biriga javob bera olmayman. Shuningdek, Rahimov bilan mening oʻrtamda qanday gap oʻtganini ham aniq bilmayman. Har holda biz millatchilik ruhida, sovetlarga qarshi ruhda gaplashgan boʻlishimiz ham mumkin, deb taxmin qilaman. Ammo bu gaplarning nimalardan iborat boʻlganligini aslo bilmayman. Shuni yaxshi va aniq bilamanki, oʻrtamizda Rahimov uydirgan gap boʻlgan boʻlishi mumkin emas! Rahimov bergan guvohlikda aytilishicha, men goʻyo unga Toshkentda sovetlarga qarshi yashirin tashkilot borligini, unda juda katta odamlar a'zo ekanligini soʻzlab, uni shu tashkilotga a'zo boʻlib kirishga chaqirgan va kirsa moddiy jihatdan yordam berishga va'da qilgan emishman. Rahimov bu uydirmasiga odamlarni ishontirish va unga detektiv xarakter berish uchun: “Agar tashkilotga kirmasangiz, oʻrtamizda oʻtgan gapni birovga aytsangiz – bola-chaqangiz bilan qirib tashlaymiz!” deb qoʻrqitdi”, deydi. Keyin u, oʻz tulkiligiga hech shubha tugʻdirmaslik uchun, aka-ukalarning “uydirma oshxonasi”da pishirilgan “boʻtqa”ga mana bu “garnir”ni qoʻshib tutadi:

-Ikki marta chaqirib: “Ogʻzingizdan chiqarmang, birovga aytmang”, deb tayinladi,-deydi. Rahimovning kimligini bilmagan kishi uning bu uydirmasiga uchmay tura oladimi? Albatta yoʻq! Rahimov bir adabiy maqolasida yozuvchining rostgoʻyligi masalasiga toʻxtab, Gorʼkiydan quyidagi misolni keltirib:
-Gorʼkiy yozuvchining hamma yozganlari haqiqat boʻlavermaydi, ichida yolgʻonlari ham boʻladi, ammo bu yolgʻonni shunday qotirib berish kerak-ki, rostdan ajratib boʻlmasin, degan mazmunda ta'lim bergan,-deydi. Bu shuni koʻrsatadi-ki, Rahimov nonga suv sepib sotishnigina, qalbaki hujjatlar tayyorlashnigina bilib qolmay, yolgʻonni rostdek qilib koʻrsatishni, uni zarur boʻyoqlar bilan rost oʻrnida oʻtkazishni ham bilar, bu qabih kasbni yana amalda qoʻllar ekan! Rahimov dastlabki guvohligida “Yusuf Tohiriy shu tashkilotning a'zolaridan biri”, deb aytgan boʻlsa, keyingisida Yusuf Tohiriyni shu tashkilotning rahbari, depti. Balki, avvalgi yolgʻoni esidan chiqib qolgandir?

Ta'kid etishim shartki, Yusuf Tohiriy bilan necha yildan beri tanish boʻlsam, undan siyosatga doir biron gap, biron norozilik eshitmaganman. Agar Rahimov toʻqigan siyosiy tashkilot haqiqatda ham boʻlganda, Tohiriyning unga rahbarlik u yoqda tursin, a'zo boʻlib kirishi ham dargumon edi. Xoʻsh, unda Rahimov nima uchun uydirmasini toʻqishda Tohiriyni eslab qoldi?

Menda mehmondoʻstlik odati kuchli. Balki oʻsha la'nati kechasi Rahimovni mastlikda uyimga sudragan boʻlsam, u uyimning qaerda ekanini soʻragan boʻlsa, men aytib, “Yusuf Tohiriy bilan hammahallaman”, degandirman va odatim boʻyicha uni maqtab ketgandirman. Men Yusuf Tohiriyni rus tilini bir rus bolasidan ham yaxshiroq bilgani, dong qolarli ixcham, chiroyli qilib, fasohat bilan ifoda etish mahoratiga ega boʻlgani, ilmi yetukligi uchun har yerda, har kimga maqtar va shunday imkoniyat tugʻilsa, foydalanmay qoʻymas edim. Juda yaqin ehtimolki, oʻsha kechasi ham odatimga sodiq qolib, Rahimovga maqtagan boʻlsam. Ammo biron tashkilot borligini bilmay, Yusuf Tohiriyning biron tashkilotga a'zomi-yoʻqligini bilmay turib, uning haqida Rahimovga aytgan gaplarni aytishim hech aqlga sigʻmaydigan gap. Agar Rahimov bilan millatchilik haqida ochiq gapirishgan boʻlsam, millatchilik ruhida, antisovet ruhida men bilan biron marta suhbat qilishmagan kishining, ya'ni Yusuf Tohiriyning nomini emas, ashaddiy millatchilar Vali Qayumxonnimi yo Abdulla Toʻlagannimi yo Buloqboshinimi tilga olib oʻtgan boʻlardim. Agar Rahimov bilan u qilgan tuhmat mazmunida gaplashgan boʻlsam, uning dudmal javobidan keyin qamalish xavfidan qoʻrqib, loaqal uyimni ta'qiq etilgan kitoblardan va fotosuratlardan tozalab qoʻyar edim. Agar oramizda chindan shu gap boʻlgan boʻlsa, keyin hushyor paytlarimizda yo men, yo Rahimov tomonidan u masalaning yana bir karra qoʻzgʻalishi aniq edi. Holbuki, oʻsha shum uchrashuvdan keyin Rahimov bilan hushyor holda uy tomonga birga qaytdik. U oʻsha kelishimizda oʻzining kosmopolitizmda ayblanayotgani haqida gapirdi-ku?

-Xalqimizning qancha ajoyib farzandlari yoʻq qilib yuborildi-yu! Bu kosmopolitizmga qarshi kurash ham oʻshanday maqsadga qilinadigan nayranglardan bittasi. Qoʻyavering, daryo boʻling: “Karvon oʻtar, it hurar”, deydilar!- degan Rahimov: “oʻsha kungi gapingiz chin gapmidi yo mastlik aljirashimi?” deb bir ogʻiz soʻramadi-ku?

Rahimovning oʻziga xos pastkashlik bilan aytgan soʻziga qaraganda, ikkovimiz oramizda Pushkin va Niyozbek koʻchalari burchagida oʻtgan shum gapdan keyin goʻyo uning qoʻyniga qoʻl solib koʻrish uchun Yusuf Tohiriyni uyiga yuborgan emishman. Bu borib turgan olchoqlikdan iborat bir yolgʻon! Umid qilamanki, bu yolgʻon ham Rahimovning boshqa uydirmalari kabi, yaqinda ayon boʻlib qolajak! Haqiqatda esa voqea bunday:

1949 yilning yoz oyida boʻlsa kerak, Oʻzbekiston sovet yozuvchilari soyuzining hovlisida Abdumannon Rahimov Abdulla Qahhorning “Qoʻshchinor” romani haqida doklad qildi. Dokladning oxirigacha oʻtirolmay, bosh ogʻrib uyga ketayotgan edim, Pushkin va Gogolʼ koʻchalari burchagiga yetganimda koʻchaning u betida, rassomlar soyuzining binosi oldida Yusuf Tohiriyning pildirab kelayotganini koʻrib qoldim. U ham meni koʻrib, uzoqdan “Ha, mestkom!” deb qichqirdi. Oʻttizinchi yillarda oʻzbek “rabfak”i – ishchilar fakulʼtetida kasaba soyuz raisi boʻlganim uchun, u meni hamisha “mestkom” deb atar edi. Koʻchadan oʻtdi. Gogolʼ xaykalining yonida turib gaplashdim.
-Muncha shoshib qayoqqa ketyapsiz?-deb soʻradim. U nafasini zoʻrgʻa-zoʻrgʻa olib, javob berdi:
-Abdumannon Rahimovning oldiga.
-Unda ishingiz bormidi?
-Abdulla Qahhorning “Qoʻshchinor”idagi obrazlar psixologiyasi haqida dissertatsiya yozmoqchiman.

Oʻshanda “dissertatsiya” dedimi yo “maqola”mi, aniq esimda yoʻq, nima boʻlganida ham uning bu niyati menga yoqmadi. Chunki romanning katta kamchiliklari bor edi.
-Buni bekor tanlabsiz, Yusuf aka,-dedim. Yusuf Tohiriy hayron boʻlib qoldi:
-Nega?
-Asar hozir qattiq tanqid qilinyapti. “Partiya rahbarligi buzib koʻrsatilgan, siyosiy jihatdan tuturuqsiz kitob”, deb doʻmbira qilishayapti. Shuning uchun buni qoʻyib, yoshlarning asaridan olsangiz mehnatingiz zoe ketmasmidi, deyman.

Yusuf Tohiriy bu gapimga “xoʻp” ham demadi, “yoʻq” ham demadi. “Qaydam?” deganday yelkalarini uchirdi, qoʻl berdi, xayrlashib ketdik: u skver tomonga, men uyimga. Shu uchrashuvimizda men Yusuf Tohiriyga Rahimovning uyiga “bormang” ham deganim yoʻq, “boring” ham deganim yoʻq. Men unga “tanlagan kitobingiz bopta emas, bu masala bilan bormang, yangi material oling”, degan mazmunda gapirganman. Abdulla Qahhor “Qoʻshchinor”ining oʻsha paytdagi varianti partiya rahbarligini, sovet voqeligini, kolxoz hayotini buzib koʻrsatgani uchun bolshevik matbuoti va sovet jamoatchiligi tomonidan zararli deb topilgan edi. Yusuf Tohiriy zararli deb topilgan kitobni afzal bilib, zararli obrazlar psixologiyasi haqida asar yozmoq uchun baribir Rahimovning uyiga boribdiki, men buni yuzma-yuz uchrashtirilganimizda Rahimovning ogʻzidan eshitdim.

Endi Said Ahmad (Saidahmad Husanxoʻjaev) va Shuhrat (Alimov)larning siyosiy tashkilotga a'zoligi, mening millatchilik maslagimga munosabatlari haqida kelsak, quyidagilarni ma'lum qilaman:

Ularning sovetlarga qarshi siyosiy tashkilotga a'zo boʻlishlari mutlaqo mumkin emas edi, chunki bunday tashkilotning oʻzi yoʻq edi. Oʻzi yoʻq tashkilotga a'zo boʻlishni orzu qilishning oʻziyoq nodonlik boʻlur edi. Ular menga maslakdosh ham emasdilar. Ularga nisbatan yoshim kattaroq boʻlgani sababli aytishga arzigulik ulfatchilik ham qilmaganman. Toʻgʻri, Said Ahmad bilan “Sharq yulduzi” jurnalida birga ishlaganman, lekin u proza boʻlimining boshligʻi, men esam mas'ul sekretar edim, oʻzaro xizmat muomalasi ham shunga qarab edi. Said Ahmad oʻzining ish davrida rayonlardan kelgan hikoya yoki ocherkni ishlab bermagan. Men ish talab qilsam, turli bahonalar bilan oqlanar, “Sharof aka bir zarur ish topshirib qoldilar”, “Sharof akaning povestini tahrir qilyapman”, “Sharof aka meni komandirovkaga yuboryapti...” deyar edi. Shunga koʻra, aniq aytishim mumkinki, jurnalda bosilgan, siyosiy xatoga yoʻl qoʻyilgan ocherklarda Said Ahmadning ishtiroki, demak, aybi ham yoʻq. Jurnalda bosilgan rus yozuvchisi Snegovning Ahrorova tarjimasidagi “Mana shuning oʻzi sotsializm” ocherkida avtor bu yerda mozorlar, jaholatlar bilan toʻliq, qorongʻi xasis oʻtmish bilan quyosh nurlariga choʻmgan, yorugʻ, binolari oq, goʻzal, hayotbaxsh sotsializmni taqqos etmoqchi boʻladi. U “Sotsializm” kolxozini qidirib borib, uzoq oʻtmishga, hozirgi avlod batamom qutilgan jaholatga qayrilib qaraydi-da, uning ayanchligini, qabihligini qorongʻu gumbazlar ichida achib, sasib yotganini koʻrib, nafasi boʻgʻiladi. Tezroq yoruqqa, havoga intiladi va tashqariga chiqib, yorugʻ dunyoni, sotsializmning oqarib turgan binolarini koʻradi. Hamrohi: “Mana shuning oʻzi “Sotsializm”, deydi haligi oq binolarni koʻrsatib. Jamoatchilik buni qattiq tanqid qildi. “Sotsializm”ga mozorlar orqali borilganini koʻrsatadi bu ocherk”, deyildi. Avtorning asl maqsadi bunday boʻlmasa-da, istanilganda shunday tushunish ham mumkin edi. Men bu tomonni oʻylamay, avtor talqin qilgancha tushunganman-da, tarjimani Said Ahmadning oʻrniga oʻzim tahrir qilib, nashrga topshirganman.

Orif Yunusning nomi esimdan chiqqan bir ocherkida “Moskvalik injener qilolmagan bir detalni oʻzbek master bir hafta unnab eplab yubordi”, degan fikrni anglatuvchi abzats ham, Majid Fayziyning ocherkida ham: “Ketmon bilan olti kunda chopiladigan uchastkani traktor bir kunda oʻmorib tashladi” degan jumla ham mening aybim bilan oʻtib ketgan. Har holda buni men ishdagi xatom deb bilaman. Men haqiqat, adolat roʻyi-xotiri uchun baland ovoz bilan ayta olamanki, har qancha millatchi boʻlsam-da, qalamimdan oʻtgan biron satr u yoqda tursin, hatto bir soʻzni ham bu vaqtgacha tushunib turib, joʻrttaga buzgan emasman. Menga ishonib topshirilgan qalamga muqaddas deb qarab kelganman va uni jinoyatkorona soʻzlar bilan asti-asti bulgʻamaganman. Bu mening chin gapim.

Ana shu davrda Shuhrat “Sharq yulduzi”ga bir kolxoz raisi haqida ocherk olib keldi. Men oʻqib chiqib, bu ahvolda berolmasligimizni aytdim. Konflikt qilib goʻng masalasi olinibdi. Kolxoz raisining ukasinikida bir tom bor ekan, u eski goʻngxonaga qurilgan ekan. Kolxoz raisi shu tomni buzib, goʻngni ekinga olishni xohlaydi, ukasi esa bermaydi. Men goʻng janjali olib tashlansa, bosishimiz mumkinligini aytdim. Chunki matbuot sahifasiga goʻng mojarosi bilan chiqish kulgili boʻlar edi. Shundan soʻng Shuhrat mendan qattiq xafa boʻldi va koʻrishga koʻzi boʻlmay qoldi. Men Shuhratning “gapga toʻn kiygizish” odati borligini eshitgan boʻlsam ham uning sovetga qarshi harakatlari, millatchiligi haqida hech nima bilmaganman...”

Turmaning biqiq xonasida qogʻozga tushgan bu satrlar Mirzakalonning oʻz boʻyniga tashlanadigan ayb sirtmogʻi edi. U buni bilardi. “Oʻlsam oʻzim oʻlay, qamalsam oʻzim qamalay”, deb bu sirtmoqni pishiqroq boʻlishiga harakat qilardi. “Bu safar yozganlarimdan tergovchining koʻngli toʻlar”, deb oʻylab yana yanglishgandi. Tergovchi “Ish”ga doir yangilik, ayniqsa yangi nomni uchratmagach, qogʻozlarni gʻijimlab tashlagisi keldi. Qogʻozda ayb yoʻqligiga aqli yetib, aybdorning yuziga tarsaki tushirdi.
-Oybek yozuvchilar soyuziga raislik qilganda sen qaerda eding?
-Men... konsulʼtant boʻlib ishlardim.
-Ha, ishlagansan. Demak, Oybekning kimligini, asl basharasini bilasan. Xoʻsh, bularni nima uchun yozmading? Milʼchakov, Nazarov, Fatxullin, Uygʻun, Sobirovalar Oybekning soyuzdagi millatchilik tendetsiyalariga va uning soyuzni tushkunlikka olib borayotgan notoʻgʻri rahbarligiga qarshi keskin kurash boshlaganda sen qay tomonda eding?

-Men... Oybek tomonda edim...
-Ha-a... tan olganing yaxshi. Buni biz ham yaxshi bilamiz. Sen partiya tashkilotining sogʻlom qismi tomonda boʻlmagansan. Oybek biron yerga uzoq muddatga ketadigan boʻlsa oʻz oʻrniga kimni qoʻyib ketardi? Bilmaysanmi? Oʻz oʻrniga prezidium sostavidagi kommunist a'zolardan Sheverdin, Uygʻun yoki Yashinni emas, oʻzi singari partiya yoʻlini mensimaydigan partiyasiz Shayxzodani qoʻyib ketmasmidi?
-Bir marta shunday boʻlgan edi shekilli, lekin men buning sababini bilmayman.
-Bir marta deysanmi? Mayli, sen aytgancha boʻlaqolsin. Oʻsha bir martada Shayxzoda raislik vazifasida qoʻqqayib olib, partiya tashkilotining qaroriga teskari harakatlar qilganini ham bilmaysanmi?
-Rostdanam bilmayman, men eng kichkina vazifada ishlardim.
-Sen baloni bilasan! Partiya tashkiloti Safarovni litfond direktorligiga tavsiya qilib, uni Moskvaga rasmiylashtirishga joʻnatsa, Shayxzoda Moskvaga telegramma yuborib, bu nomzodga soyuz prezidiumi nomidan “veto” qoʻygani ham senga ma'lum emasmi?

Oybekning boshidan magʻzava quyishlari unga ma'lum edi. Soyuzdagi ishlarga raykom va Markazkom aralashgach, bu idorani sogʻlomlashtirish tadbirlari boshlandi. Dastavval Yozuvchilar soyuzi partiya tashkilotiga qaytadan saylov oʻtkazib, uning byurosini yangi, sogʻlom kishilar bilan koʻpaytirishga qaror qilindi. Saylov kunlari yaqinlashib kelmoqda ekan, Soyuz kommunistlari yeng ichida ikkiga boʻlina bordilar. Bir tomonda hozir tergovchi tilga olgan Milʼchakovlardan iborat “sogʻlom kuchlar” boʻlsa, ikkinchi tomonda Oybek tarafdorlari toʻplanishgan edi. Mirzakalon shular qatorida edi. Bir kuni Jumaniyoz Sharipov shoshilib kelib, unga past ovozda dedi:
-Oybek domlani yerga kirgizib yubormoqchilar, aslo yoʻl qoʻymaslik kerak bunga. Shuning uchun Fatxullin, Milchakov, Uygʻun, Safarovlarga zinhor ovoz berib boʻlmaydi. Byuroga oʻz kishilarimizni koʻrsatib, oʻshalarga ovoz berishimiz shart!

Saylovga bir kun qolganda u yana kelib tashvishli ovozda dedi:
-Bular Safarovga telegramma yuborib, saylov kuniga yetib kel, deb chaqirdilar Hozir har bir ovoz uchun kurash ketyapti. Men ham kolxozga – Abdulla Qahhorga telegramma yubordim. Kelib qolsa, biz ham bir ovoz yutamiz.
-U ovoz berolmaydi-ku? Partiyaga haqiqiy a'zo emas, kandidat-ku?-deb ajablandi Mirzakalon.
-Oʻzi-ku ovoz berolmaydi, lekin xotini ovoz beradi, kelsa, oʻzim gaplashman.

Oybek va uning rahbarligi uchun kurash ketayotgan boʻlsa-da, Oybekning oʻzi bu kurashga aralashmayotgan edi. Bu kurashni uning tarafdorlari olib borardilar.

Oʻsha kuni xunobi oshgan Jumaniyoz Sharipov:
-Adabiyot payrovida ivirsib yurgan, adabiyotga hech qanday aloqasi boʻlmagan savodsiz Milchakovlarning dumlari adabiyotning hozirgi ustuni boʻlgan gigant Oybekni koʻtarib tashlab, oʻzbek adabiyoti taqdirini oʻzlari hal qilmoqchi boʻladilar. Oybek qaerda-yu, bu razillar qaerda?! Oybekni Moskvagina emas, chet el ham taniydi! Bular esa shunday buyuk insonni majlislarda axlatga bulab, oyoq osti qilib tashlayapti!-dedi boʻgʻilib. Mirzakalon uning bu gaplariga tamoman qoʻshilgan edi. Partiya majlisi boshlanib, byuro a'zoligiga nomzodlar koʻrsatish masalasiga endi oʻtilmoqchi boʻlib turilganda Safarov Moskvadan yetib keldi va oʻz ovozi bilan Oybek tarafdorlarining hisoblarini buzib qoʻydi. Abdulla Qahhor esa uncha uzoq boʻlmagan kolxozdan majlisga yetib kelmadi, oqibatda Milchakovlar toʻdasining qoʻli baland keldi.

Oybek atrofida yuz berayotgan mashmashalar hech kimga sir boʻlmagani holda, tergovchi nima uchun yana bu masalani eslayapti ekan? Yo ularga Oybekning millatchi, antisovetchi ekanini tasdiq etuvchi yangi dalillar kerakmi? Oʻttiz yettinchi yilda Yozuvchilar soyuzi shunday uydirmalar bilan Qodiriy, Choʻlponlarning boʻyniga sirtmoq solib bergan edi. Odatda, odamlar bir-birlarini himoya qilish, oʻzaro koʻmaklashish uchun uyushadilar. Yozuvchilar soyuzini tashkil etishdagi maqsad ham shu boʻlgan. Lekin Stalin chizgan chiziqdan chiqmay kelayotgan bu soyuzning vazifasi boshqacha kechdi. Endi gal Oybekkami? Qodiriydan keyingi eng mustahkam ustun kesib tashlangach, ahvol nima boʻladi?

Oybekning boshi uzra qora bulutlar toʻplana boshlagan kunlarning birida Ma'ruf Hakimov bir gap aytib, Mirzakalonni hayratga soldi:
-Kecha Boboev ikkimiz Regina restoranida toz-za maishat qilibmiz, bosh tars yorilay deb turibdi.
-Kechami?-ajablandi Mirzakalon.-Choʻntakning quruqligidan figʻoningiz falakka koʻtarilyatuvdi-ku?
-Choʻntagim quruq edi, Mamarasul iyib ketib, mehmon qildi.
-Uning birovni mehmon qilish odati yoʻq edi-ku?-deb yana hayron boʻldi Mirzakalon.
-Bir dardi bor ekan, yuragiga sigʻdirolmay, meni oʻziga dardkash qildi,-dedi Hakimov. Mirzakalon “xoʻsh?” degandek diqqat bilan uning koʻzlariga tikildi. Mirzakalon uni Oʻlka oʻzbek erlar bilim yurtida oʻqib yurgan paytidan beri tanirdi. Uni oʻz ukasidek, hato oʻz jigaridan ortiq yaxshi koʻrardi. Ma'ruf nashriyot ishlariga yangi kirishgan paytlarida Mirzakalon tahrir va tarjima sohalaridagi tajribasi bilan yordam bergan, urush davrida ham xat yozib, hol-ahvol soʻrashib turardi. Ma'ruf u bilan shu qadar sirdosh edi-ki, eshitgan-koʻrganlarini albatta aytmay qoʻymas edi. Bu safar ham odatini kanda qilmadi – hikoyasini davom ettirdi:

–Kecha uni MGBga chaqirib: “bizga ishlaysan”, deyishibdi. Shuni aytib, yigʻladi. “Yoʻq”, desam ham qoʻyishmadi. “Oybekka, boshqa yozuvchilarga koʻz-quloq boʻlasan, bilganlaringni oqizmay-tomizmay bizga ma'lum qilib turasan!” deyishdi”, endi oʻz oʻrtoqlarimni sotamanmi? Ayting, nima qilay? Yo oʻzimni osaymi?” deb yigʻlayverib, shishib ketdi.
-Siz nima dedingiz?
-Men nima derdim? Mening qoʻlimdan nima kelardi?

Bu noxush suhbatdan soʻng oradan ikki-uch oy oʻtgach, Ma'ruf Hakimov rangi oqargan holda kirib keldi:
-Mamarasulning boshiga tushgan balo menga ham roʻpara boʻldi,-deb atrofga bir hadiksirab qarab oldi.-Menga ham hufya boʻlib ishlashni taklif qilishdi. Bir emas, ikki marta chaqirishdi. “Ogʻzim boʻsh, men sir saqlay olmayman” deb yigʻlamsirab beruvdim, ishonishdi shekilli. Lekin koʻnglim baribir gʻash. Har holda MGB Oybek aka bilan jiddiy shugʻullanayotganga oʻxshaydi. Yoʻlini topib, akani shipshitib qoʻyish kerakmikin?

Oybek bir kuni chaqirib, vazifa topshirgach, Mirzakalon igʻvogarlar haqida gap ochdi. Oybekning zarur yumushi bormidi, yo atrofida boʻlayotgan gaplardan xabardormidi “keyin...keyin...” deb suhbatni davom ettirmadi.

Turmaning soʻroq xonasida turgan Mirzakalon tergovchining savoliga emas, oʻzining xayolini toʻzitib turgan shu savollarga javob topolmay hayron edi. Tergovchi bir oz sabr qilgach, yumshoqroq ovozda dedi:
-Sen Oybekning faqat siyosiy jinoyatini emas, iqtisodiy jinoyatini ham yashirgansan. Ha, Oybek “Oʻzbek sovet antologiyasi”ni tahrir qilgan, deb haq toʻlangani jinoyat edi. Chunki u antologiyaga qalam ham urmagandi. Lekin Tuygʻun, Homil Yoqubov va sendan iborat uchlik komissiyasi, “tahrir qilingan, toʻgʻri haq toʻlangan”, deb akt tuzib berdinglar. Holbuki, Safarov buning aksini isbot qilib bergan edi.
-Safarov bunaqa narsalarni yaxshi tushunmaydi, undan tashqari oʻrtada shaxsiy manfaat boʻlgan. Uchlik komissiyasi masalani xolis oʻrgangan.
-Demak, sen bu voqeani yaxshi eslaysan?
-Ha.
-Demak, sen bu masaladagi fikringga sodiqsan?
-Ha.

Mirzakalon bu iqrordan keyin yo musht yo tepki tushib qolar, deb oʻzini zarbaga tayyorladi. Lekin tergovchi marhamat qildi – tegmadi. Aksincha, xuddi yosh bolani aldayotgan ohangda gapirdi:
-Kameraga borib yaxshilab oʻylab koʻr: gʻirrom akt tuzib Oybekni oqlash gʻoyasi kimdan chiqqan, aslida nima boʻlgan?

Tergovchi shunday deb nazoratchini chaqirdi. Mirzakalon qoʻlini orqasiga qilib, chiqishga hozirlanganda Tergovchi toʻxtatdi:
-Berlindagi Molli xoniming ishchining qizi ekan, a? Bunga ishondim. Nazira Xolidova-chi? U ham ishchining qizimidi? Uning otasi Turkiya josusi, xalq dushmani sifatida otib tashlaganini bilmasmiding? Germaniyadan olib kelgan yozuv mashinkangni bekorga sovgʻa qilmagandirsan, a?

“Hatto mashinkani ham bilishadi bular”, deb gʻijindi Mirzakalon. Ammo ichidagini sirtiga chiqarmay, boshini egganicha eshik tomon yurdi.
-Ismoiliy, vaqting borida oʻylab ol, keyin vaqt qolmasligi ham mumkin. Bunisi endi oʻzingga bogʻliq...-dedi tergovchi uning ortidan.

Tergovchi aytmasa ham biladi – oʻzining taqdiri ham, oilasining qismati ham aytadigan soʻzlariga bogʻliq. Nazira bilan dastlab koʻrishganda uning otasi kim ekanini chindan ham bilmagan edi. Oybek ham bilmaganligi aniq. 1948 yilda, Oʻzbekiston sovet yozuvchilari soyuzida ishlab yurgan kezlarida rais Oybek uni chaqirib, qoʻliga ikkita kichkina tarjima berdi-da:
-Shuni koʻrib chiqing, tuzuk boʻlsa chaqirib gaplashing, yordam bering, tarjimalarini jurnalda bostiramiz,-dedi.

Mirzakalon xonasiga qaytib, qoʻlyozmaga koʻz yugurtirdi. Nazira Xolidova imzoli bir ayol tomonidan oʻzbekchaga tarjima qilingan rus yozuvchilaridan birining ikkita hikoyasi edi. Ma'ruf Hakimov bilan ikkovlashib, ruschaga solishtirib qarab, tarjimaning ayrim, ahamiyatsiz kamchiliklaridan qat'i nazar, juda yaxshi qilinganiga qoyil boʻldilar. Bir necha kundan soʻng tarjimachi keldi. Yigirma ikki-yigirma uch yoshlarda, jussasi kichikkina, oʻzi puchuqqina bir qiz edi. Mirzakalon u bilan Ma'ruf Hakimov huzurida gaplashdi. Gaplari pishiq, jiddiy bir qiz. Tarjimasining yaxshi ekanligini aytib, ayrim kamchiliklarini oʻziga koʻrsatishdi. Qiz tajribasiz ekanligini, oʻrganish orzusi borligini aytgandan keyin, Mirzakalon unga bir savol berdiki, olgan javobi uni oʻsha topda buyuk bir tahsin bilan larzaga solgan boʻlsa, uning ta'siri hali ham esida. Mirzakalon undan:
-Sizda bu havas qaydan tugʻildi?-deb soʻradi. Xolidova xijolat boʻlgandek, kuldi. Keyin dadil turib tushuntirdi:
-Men kitob oʻqishni juda yaxshi koʻraman. Oʻzbek tilida bosilgan kitoblarni tamom tushirganman, desam kularsizlar, lekin haqiqat. Rus tilida ham juda koʻp kitoblar oʻqidim. Ruscha shunday ajoyib, shunday yaxshi kitoblar borki, hamma dugonalarim ham ruschani bahuzur oʻqiy olmaydilar, demak, boy rus adabiyotidan men olgan ruhiy ozuqni ololmaydilar. Dugonalarimga achinaman. Shuning uchun ham, dugonalarim menga oʻxshash lazzatlansinlar, deb, tarjima bilan mashgʻul boʻlishga qaror qildim.

Qizning bu javobi ikkovlarini quvontirdi. Rus kitoblari haqidagi soʻzdan keyin beixtiyor bolaligi yodiga tushdi...

Andijonning Buloqboshisidan, otasining zulmidan bezib, Oʻshga qochib kelgan kunlari edi. Koʻchaga chiqsa, bir malla rus bolasi qoʻlida kitob, oʻqib oʻtiribdi. Yoshi oʻzi bilan teng koʻrindi. “Men tengi bola ham kitob oʻqiydimi?” – oʻziga bergan birinchi savoli shu boʻldi. Uning yoniga borib, qoʻlidagi kitobga qaradi. U bola Mirzakalonga oʻruscha gapirdi, nazarida “sen oʻqishni bilasanmi?” deganday boʻldi. Mirzakalon esa oʻqishni bilmaydi, bilimsiz. Kitobni qoʻliga oldi. Yonib ketdi. Shu bola oʻqiydi-yu, nega men oʻqiy olmayman, deb oʻzidan oʻzi nafratlanib ketdi. Yuragiga oʻsha onda oʻqish ishqi tushgan edi...

Tarjimachilik ijodiga yuqori baho olgan Nazira jurnal tahririyati topshirigʻi bilan hikoya va ocherklarni ruschadan oʻzbekchaga tarjima qilib bera boshladi. Voynichning “Soʻna” romani, Lev Tolstoyning “Tirilish”i, Radishevning “Sayohat”i kabi oʻnlab asarlarning benazir maqomda tarjima qilgan ijodkorning har bir maslahatini u jon qulogʻi bilan tinglardi. Nazira fe'li va odati jihatidan oʻzbek qizidan koʻra koʻproq rus qiziga oʻxshardi. Gʻayrati tuganmas koʻrinardi. Bir yoqdan oʻzi tarjima qilsa, bir yoqdan ustozning mahorati sirlarini oʻrganish uchun uning qoʻlyozmalarini yozuv mashinkasida tozaga koʻchirib berardi. Shu sababli Mirzakalonning ixcham yozuv mashinkasi unikida turardi. Bundan kim xabar topganu bu idoraga qoʻshib-chatib yetkazgan – Xudo biladi!

Oʻzbek qizlaridan tarjimon chiqishi adabiyot va nashriyot sohalaridagi katta yutuq deyish mumkin edi. Mirzakalon Naziraning ijodiga faqat shu nuqtai nazardan qaradi va yordamini ayamadi. Uning otasi kim ekanini esa keyinroq bildi. Bildi-yu, unga boʻlgan ehtiromi yanada ortdi. Nazira otasi haqida gapirmaslikka tirishardi. Munavvar qorining maslakdoshi boʻlgan bu turk ziyolisining Moskvaga olib ketilganini, oʻsha yerda otib tashlangani haqidagi mish-mishlarni Mirzakalon yoshlik chogʻlarida eshitgan, garchi Munavvar qorini ham, uni ham koʻrmagan boʻlsa-da, ustozi Choʻlpondan ular haqida koʻp hikoyalar eshitib, nomlarini qalbi toʻriga qoʻygan edi. Ana shunday millat fidoyisining qiziga nisbatan unda qanday yomon niyat boʻlishi mumkin? Otasi haqidagi haqiqatni bilgach, Nazira uning koʻziga goʻyo “Soʻna” romanidagi matonatli, sadoqatli Jemmi boʻlib koʻrindi va... oʻzida Arturning jasorati, haybati yoʻqligidan oʻkindi. Naziraning kelajagini oʻylaganda esa unga Artur kabi oʻtyurak yigit nasib etishini orzu qildi...

Bularni tergovchiga aytsinmi? Boʻlmagan gap!! Naziraning pok nomiga dogʻ tushishini sira istamaydi. Tergovchi bekorga gapni aylantirmadi. Xalq dushmanining qizini qamoqqa olish uchun unga dalil yetishmay turibdimi? Oʻsha yetishmagan narsani Mirzakalon toʻldirshi kerakmi? Hech qachon! Shu qat'iy qarorga kelishi uchun tergovchi xonasidan oʻzining kamerasiga qadar boʻlgan yoʻldagi vaqt kifoya qildi va bu ahdiga xiyonat qilmadi.

X

Toshkent, Darxondagi uch xonali uy.
1986 yil, 4 fevral, seshanba, soat 22.50.

Qulogʻiga oʻsha shirali ovoz urilib, vujudi bir seskandi. Yana kipriklari titradi. Butun vujudini quloqqa aylantirib tingladi: yoʻq, afsus, Naziraning tovushi emas bu. “Ha-a... hamshira kelibdi”. Dimogʻiga spirt hidi urildi. “Nishtarini sanchadi...” Tanasi ignaning zahrini sezmaydi. Atrof sukut ogʻushida qoldi. “Nima boʻldi? Hamma ketib qoldimi?”

Bu onda yurak urishini tasmaga koʻchirib, sinchiklab kuzatishardi. Egri chiziqlar vrachda badbin tuygʻu uygʻotib, bosh chayqab qoʻydi. Ammo ostonada turgan oʻgʻliga haqiqatni aytishni lozim koʻrmay, hamshiraga deyarli pichirlab, tomirga qanday dori yuborishni tayinladi. Ular vazifalarini bajarib, chiqib ketishgach, yana ovozlar eshitildi.

Yoʻlchiev odatdagicha baland ovoz bilan gap boshladi:
-Hushi oʻzidaligida menga aytuvdi, “Fargʻona tong otguncha”ning uchinchi kitobini yozishga da'vat qilgan ekansan. Toʻgʻri oʻylabsan. Yozish kerak.

“Jiyanim bilan gaplashyapti”, deb oʻyladi u.

Qoʻshni xonadagi Yoʻlchiev esa gapini baralla davom ettirdi:
-Erta-indin tuzalib, otdek boʻlib ketadi, birga oʻtirib yozishgin. Bu qanaqa roman bilasanmi? Bu oddiy kitob emas. Bu Mirzakalonning yigʻlab-yigʻlab topgan bolasi. Qamoqdan qaytganda “roman yozib keldim”, desa esim teskari boʻlib ketdi. Qanaqa qogʻoz topsa, shunaqasiga yozavergan. Hatto gazetaning hoshiyalariga, satrlari orasiga ham bitharflar bilan yozgan. Romanning nechta bobini nazoratchilar olib qoʻyib, yoqib yuborishgan. Lekin u yozavergan. Bir kuni Hayotxonning ahvolini yoza turib piq-piq yigʻlasa, eshik ortidagi nazoratchi eshitib qolib “Ranjiyverma, yigirma besh yil oʻtadi-ketadi, yaxshi yursang, boshqa qoʻshishmasa, oltmish besh yoshlaringda uyingga kirib borasan”, dermish, qiztaloq! Stalin oʻlganidan keyin, amnistiya oftobi koʻrinay deb qolgach, sal bemalolroq yozgan. Buni senga aytganmi? Ha-a... bularni gapirishni istamasdi. Faqat bir marta menga yoriluvdi. Qaragʻandadan Toshkentga qaytarilib, oqlash oldidan tergov qilinganda “uch-toʻrt oy oʻtirib tursam boʻlardi”, debdi. Bu gapni eshitib tergovchi lol qolibdi. Hamma ozodlik kunini intiq kutsa-yu, bu yana

Yoʻlchievning ovozi pastlashganday boʻldi. Keyin uzoqdan, juda uzoqdan boʻlinib-boʻlinib eshitildi.
-Mirza, men ketyapman jiyaning olib borib qoʻymoqchi, oʻzingga oʻxshagan yaxshi bola boʻlgan...

“Ha... mening koʻnglimdagiday voyaga yetdi, u mening qalamimning merosxoʻri, bilmaganlar bilib qoʻyishsa yaxshi boʻlardi. Ammo... oʻzi ham iltimos qilmadi, menam ragʻbat qilmadim... Bironta kitobiga “oq yoʻl” yozib bersam boʻlardi...
-Mirza, ertaga ertalab kelaman, qaymoqxoʻrlik qilamiz. Zuhraxon, eringizni erkalatavermang. Otasi yuzga kirgan azamat odam edi, bu hali saksonga yetmadi. Otasining umriga solishtirsak hali bir goʻdak. Iligi toʻq, zuvalasi pishiq bu yigitchaning. Ikki kunda turib ketmasa, otimni boshqa qoʻyaman!

Ovoz tindi. Doʻsti ketdimi yo uning qulogʻi eshitmay qoldimi? Boshida ogʻriq kuchaydi. Jiyani issiq kaftini qoʻyganda ogʻriq chekinganday boʻlyatuvdi.

“Jiyanim ketmay tursa boʻlardi”,-deb oʻyladi u. Negadir xoʻrsingisi keldi. Boʻyining uzunligi demasa, jiyani oʻziga oʻxshaydi, hazil-mutoyibani yaxshi koʻradi. Uzun boʻyini payrov qilib koʻp gapirardi. Bir kuni “eshitdingmi, yangi dori chiqibdi, boʻyning oʻsishini toʻxtatarkan, oʻsha dorini topgan doʻxtirga bor”, dedi. “Birga boramiz, togʻa, boʻyni oʻstirishni toʻxtata olgan doʻxtir, boʻy oʻstirishning ham chorasini topgandir?” Bu hazilni eslab, rangpar yuzini jilmayish yeli silab oʻtdi...

Bemorning labini hoʻllangan paxta bilan avaylab artayotgan kampir buni sezib, sergaklandi. Uning oyogʻini ushladi – muzdek. Mehmonxona tomonga boshini burib, uyqudagi bemorni uygʻotib yuborishdan choʻchiganday past ovozda “Hasanxon”, deb chaqirdi. Avval oʻgʻil, keyin boshqalar kirishdi.
-Oʻzinglarni tutib, rozi-rizolik tilashinglar,-dedi kampir yana oʻsha past ovozda.-Hasanxon, oʻgʻil boshlashi kerak.

Koʻzlaridan milt-milt yosh quyila boshlagan oʻgʻil:
-Boʻldimi? –dedi yigʻlamsirab.
-Yoʻq...
-Buvijon, nima dey?
-“Adajon, mendan, keliningizdan, bolalarimdan rozi boʻling, biz sizdan mingdan ming rozimiz”, deng.
-Adajon, mendan... –keyingi soʻzlar yigʻi bilan aytildi.

U oʻgʻlining nidosini eshitdi. Qalbi bilan:
-Roziman...-dedi.

Lablari qimirlaganday boʻldi.

Keyin boshqalar...
-Roziman... roziman...

“Taomil shunday. Lekin hech kim “hayotdan rozi boʻling” demaydi. Shunday deb soʻralganda nima deb javob qilardim? Hayotdan rozimanmi? Albatta! Chunki har qancha ta'qib qilishmasin, har qancha xorlashga urinishmasin, men qaddimni bukmadim. Men hatto qamoqda ham ozod edim... Hayot menga nomus in'om etgan edi – nomusimga sodiq boʻldim; hayot menga idrok in'om etgan edi – idrokimni behuda narsalarga isrof etmadim; hayot menga benazir goʻzal Vatanda tugʻilmoq va yashamoq baxtini bergan edi – Vatanga xiyonat etmadim... Men hayotdan roziman... Hayot mendan rozi boʻlsa bas...”

Oyoqning muzlashi belga chiqdi, undan koʻkrakka... Egasiga xiyonat qilmagan yurak soʻnggi zarbasini berdi... Ojizgina, yengilgina soʻnggi nafas - bir “puff” bilan jon chiqdi. Ozodlik gulini hidlagan insonning mijjalaridan bir tomchi pokiza yosh dumalab chiqib, yonoqqa tushdi...

Xotima oʻrnida

Hanuz armondaman...

Oradan yillar oʻtyapti. Odamzot har qanday ayriliq, har qanday hijronga chidaydi. Kunlar oʻtgani bilan xotiralar xira tortmay, aksincha, tiniqlashib, yurakni qon qaqshatib bir oʻksik uygʻotadi. Suyangan togʻingiz, ishongan odamingiz, dono maslahatgoʻyingizning bu dunyoni tashlab ketganiga ishongingiz kelmaydi. Soʻnggi suhbatlar quloq ostida qayta-qayta jaranglab, soʻnggi diydor koʻrishuvlar va nihoyat, eng oxirgi uchrashuv koʻz oldingizdan ketmas ekan...

Hanuz armondaman...

Mirzakalon Ismoiliy... Bu odamning istarali siymosi, kulib turuvchi koʻzlari uni koʻrgan, bilganlar xotirasidan hali oʻchmadi. Bu odamning nomi adabiyotga koʻngil qoʻyganlar tilidan tushganicha yoʻq. Mirzakalon Ismoiliy menga ham togʻa, has ustoz edilar. Shu sababli men uchun ulugʻ bir zotga aylangan odamning bu duyondan ketganiga ishongim kelmaydi.

Ma'zur tuting, qoʻlga qalam olmoqdan maqsadim boʻlak edi. Muddao hasrat eshigini ochish emas, balki umrini faqat ezgulikka bagʻishlagan odam haqida bir-ikki ogʻiz soʻz aytish. Xalqimiz Mirzakalon Ismoiliyning yozgan asarlarinigina biladi. U muhtaram zotning shahsiy hayoti, asarlarining dunyoga kelishi tarixi koʻpchilik uchun sir. Shuning uchun yozuvchining asarlariga qayta tartib berish chogʻida ana shu sirni oshkor qilishga jur'at etdim.

Hanuz armondaman...

Ertalab kelish niyati bilan ketgan edim...Uyimga kech soat oʻn birdan keyin qaytdim. Ostona hatlashim bilanoq boʻgʻzimga yigʻi keldi. Ahli ayolim buni sezib “oʻtdilarmi?” deb soʻradi havotir bilan. “Yoʻq” degan ma'noda bosh chayqadim. Ammo bu savol yigʻi yoʻlidagi toʻsiqni olib tashladi. Ahli ayolim meni yupatishni ham, biron nima deb koʻnglimga dalda berishni ham bilmay ikkilanib turaverdi. Dadam bilan ayam uxlab qolishgandi.
-Ogʻirlashib qoldilar, qaytib bormasam boʻlmaydi,-dedim.
-Ayamni uygʻotaymi?
-Yoʻq. Bu ahvolda yotishlarini koʻrsalar yuraklari koʻtara olmasligi mumkin...

Bu ham ogʻriqli armon boʻlib qoldi. Akalarining ogʻir xasta ekanliklarini yashirmasligim kerak edi. Tirikliklarida olib borishim kerak edi... “Togʻangni koʻryapsanmi, yaxshimilar?” deb soʻraganlarida “Yaxshi yuribdilar”, derdim. Aldamasligim kerak ekan...

Ayamni uygʻotib yubormaslik uchun avtomashinaning motorini oʻt oldirmay, koʻchaga itarib chiqardik. Darxonga yoʻl oldim. Besh qavatli uy oldida togʻamning nabiralari Ravshanni koʻrdim. Yuragim “jiz” etib ketdi: kechikibman! Bu uydan chiqib, qaytib kelgunimcha uzogʻi bilan qirq daqiqa oʻtgandir. Keyin oʻylasam, uyimga kirib borayotganimda boʻgʻzimga bekor yigʻi kelmagan ekan. Oʻsha onda jon taslim qilgan ekanlar.

Uyga kirdim... Goʻyo shirin uyquga ketganlar. Tanani jon tark etgan boʻlsa-da, yuzlaridan nur yogʻilib turardi. Qamoq asorati beiz ketmagan, yuz-qoʻllariga oq dogʻlar toshgan edi. Tib ahli qancha urinmasin, bu xastalik chorasini topmadi. Togʻamning toʻy-hasham, turli anjumanlardan oʻzlarini tortishlariga ham shu dogʻlar sababchi edi. Bu dogʻlar goʻyo qamoqxonaning tamgʻasi boʻlib qolgan edi. Jon chiqishi bilan bu dogʻlar ham yoʻqolibdi...

Men shu onga qadar oʻzimni qarindoshlar orasida yosh yigit fahmlab, maslahat berish huquqiga hali yetishmaganman, deb hisoblardim. Chunki, yoshlari mendan ancha ulugʻ yaqin qarindoshlarimiz koʻp edi.

Yigʻi-sigʻidan soʻng dafn marosimini oʻtkazish maslahati boshlandi.
-Qaysi teatrga qoʻyiladi?-degan savolga “marhumning jasadi “Hamza” teatriga yo Muqimiy nomidagi teatr binosi qoʻyilishi kerak, Navoiy teatri binosiga qoʻyilsa yana ham yaxshi”, degan taklif aytildi. Muhokamaga qoʻshilmay, indamay oʻtirgan edim, savol nazari bilan menga qarashdi, keyin:
-Hukumat kattalariga xabar qilish kerak,-deyishdi.
-Ertalabga qadar rahbarlarga xabar berolmaymiz. Ularni topib aytgunimizcha, shunday yotadilarmi? Umuman, hafa boʻlmanglar-u, biron joyga qoʻyishga men qarshiman. Musulmonlarda bunaqa odat yoʻq. Agar togʻam kommunist boʻlganlarida boshqa gap edi. Mayitni tomoshaga qoʻyish yaxshi emas, yuvib, kafanlangandan keyin birovning nazari tushmasligi kerak,-dedim.

Qarindoshlar, ayniqsa togʻamning oilalari musulmonlarga hos odatlarni yaxshi bilishmasdi. Shu bois, gapimni tasdiqlashni ham, inkor etishni ham bilmay bir-birlariga qarab qolishdi.
-Unda Chigʻatoydagi kommunistlar mozoriga qoʻyilmaydilarmi?-deb soʻrashdi.
-Togʻam oʻzlarini qamatgan, xorlaganlar bilan yonma-yon yotishlari kerakmi?-dedim gʻashlanib. Men bunday demasligim kerak edi. Xiyonatkorlarni togʻam kechirgan ekanlar, men ta'na qilishga haqli emasdim. Bu gap motam tufayli ezilgan yurakda behos tugʻilib, ihtiyorsiz ravishda yuzaga chiqqan edi.

Chigʻatoy qabristoniga qoʻymaslik haqidagi gapimni oʻylab turishganda xayolim birdan yorishib ketdi. Togʻam tomonidan bir martagina aytilgan, keyin uzoq yillar davomida unutib yuborganim vasiyatni esladim! Besh yil muqaddam togʻamning katta oʻgʻillari Farrux aka bedavo kasallikka chalinib, avval ikki oyoqlari kesilgan, soʻng vafot etgan edilar. Togʻam boshqa shifoxonda davolanayotgan edilar. Vrachlar janozaga kelishga ijozat berishmadi. Davolanib chiqqanlaridan keyin togʻamni “Minor” qabristonga olib bordim. Yigʻladilar. Duo qildilar... Soʻng qabr atrofiga koʻz yugurtirib, nimanidir chamaladilar:
-Yaxshi joyga qoʻyibsizlar. Qaragin, yonida yana ikki kishilik joy bor ekan...-dedilar.

Bu gapning oʻziga xos vasiyat ekanini ayriliq kechasi esladim-da, qarindoshlarga aytib, yana ilova qildim:
-Opoq dadam ham, Oyzuhra opam, Farrux akamlar ham oʻsha qabristondalar... birga yotishni istaganlar... Bu istakni oʻzgartirish mumkinmas...

Masala oʻz-oʻzidan hal boʻldi. Ayrimlar marhum bilan xayrlashish uchun jasadni biron teatr binosiga qoʻyish fikridan voz kechmay, Yozuvchilar uyushmasi rahbarlariga qoʻngʻiroq qila boshladilar. Lekin hech kim bu qoʻngʻiroqlarga javob qilmadi. Shu kechaning oʻzida jamlangan qarindoshlar dafn marosimiga tegishli nimaiki masala boʻlsa negadir menga murojaat qila boshladilar. Shu kecha oʻzimni ancha ulgʻayib qolgan his qildim.

Oʻsha yili komfirqa rahbariyati diniy urf-odatlarga qarshi kurashni avj oldirgan edi. Kommunistning oʻzi yoki biron yaqini vafot etsa janoza oʻqitilmas, ayrim dovyuraklari yashirincha oʻqitib qoʻyishardi. Mozorlarda qur'on tilovat qilinmasin, deb hatto oʻrindiqlarni sugʻurtirib tashlashgandi. Ana shunday sharoitda atoqli adibning qanday ravishda dafn etilishi masalasini hal etish oson emasdi. Ertalab, rahbarlar uygʻonishgach, kattami yo kichikmi gʻavgʻo uygʻonishi mumkinligini oʻylab, mayitni kechasiyoq yuvib, kafanlab qoʻyish kerak, degan toʻxtamga kelib harakatni boshladik.

Yozuvchilar uyushmasi partiya tashkilotining rahbari xabar olgani kelganda toʻplangan jamoa “kommunistchasiga dafn etish haqida gap ham boʻlishi mumkinmas”, degan kayfiyatda edi. Hayriyat, ortiqcha gap-soʻz chiqmadi. “Bodomzor” masjidining imomi janozani “Minor” qabristonida oʻqiydigan boʻldi. Tobut qabriston hovlisiga qoʻyilgach, yoshi katta yozuvchilar, togʻamning tengdoshlari “Motam mitingi qilamiz”, deyishdi. Imom buni eshitib garangsib qoldi. Bu taklifga monelik qilsa baloga qolishini bilib, jamoadan najot kutgandek javdiray boshladi.

-Miting shart emas, hozir janoza oʻqiladi, boshlang taqsir,-dedim. Kamina kommunist boʻlmaganim sababli shunday deyishga jur'at qildim shekilli.

Togʻam menga koʻp nasihatlar qilardilar, koʻp gaplarini quloqqa olardim. Lekin ikki nasihatlarini bajarishni istamadim. Birinchisi – “Dissertatsiya yoqlab ol, qariganingda asqotadi”, derdilar. Olimlarning maoshlari koʻproqligini nazarda tutib, ilmga da'vat qilardilar. Men ilmdan koʻra ijodni ma'qul koʻrardim, dissertatsiya yozishdan koʻra, uning atrofidagi keraksiz harakatlar, tashvishlar, yugur-yugurlarga toqatim yoʻq edi. Shu ishga kuch sarflamay toʻgʻri qilganman, deb hisoblayman. Ikkinchisi - “Partiyaga oʻt”, deb qistayverardilar. “Partiyasiz boʻlsang yuqori mansablarga erisha olmaysan”, derdilar. Navbatdagi da'vatdan keyin: “Siz urush paytida oʻtgan ekansiz, qamalib chiqqanlarning koʻpchiligi partiya a'zoligiga qayta tiklandilar. Siz nima uchun tiklanmadingiz?” deb soʻradim. Savolim togʻamga yoqmadi. Qoshlarini chimirib: “Meni qamoqqa tiqqan partiyaga yana a'zo boʻlishni istamadim”, desam koʻngling joyiga tushadimi?” dedilar. Men kulimsiradim. “Nega tirjayyapsan?” dedilar, keskin ohangda. “Javobni oʻzingiz aytdingiz: togʻamni qamatgan partiyaga a'zo boʻlishni istamayman”,-dedim. “Bu bahonang oʻtmaydi,-dedilar endi yumshoqroq ohangda,-mening taqdirim boshqa, seniki boshqa”. “Unda boshqa bahonam bor,-dedim hazil ohangida.-Partiyaga a'zolik badali toʻlashni yoqtirmayman”. “Bu bahonang oʻrinli”, dedilar jilmayib. Shundan soʻng bu mavzuda gap boʻlmadi. Togʻamning gaplariga kirmaganim uchun hozirga qadar oʻzimdan oʻzim xursand boʻlib qoʻyaman.

Kim biladi, agar men ham urf-odatlarni boʻgʻayotgan partiyaga a'zo boʻlganimda togʻamni yogʻoch qutiga soldirib koʻmdirarmidim... Astagʻfirullah!

Imom janozaga saflanishni buyurganda jamoa birdan ikkiga boʻlindi. Bir guruh huddi adashgan sel oqimi singari tobutdan uzoqlashdi. Bir guruh janozaga saflandi...

Bu tasodifiy hol emasdi. Bu hayot haqiqatining amaldagi koʻrinishi edi. Kundalik tirikchilik tashvishi bilan band boʻlgan odamlar huddi bir oqimda yurayotganday boʻladilar. Aslida esa unday emas...

Vafotlaridan ikki yil keyin, insof va adolat yuzasidan qaralsa, sakson yillik toʻylari tantana bilan nishonlanishi kerak edi. Lekin Yozuvchilar soyuzi bu qutlugʻ sanani unutganday yuraverdi. Markazqoʻm rahbariyatiga murojaat qilingandan keyin, ularning koʻrsatmasi bilan yubiley marosimi, yengil-elpi boʻlsa-da, oʻtkazilganday boʻldi. Oʻsha paytda Markazqoʻmda gʻoyaviy masalalar bilan shugʻullangan rahbar uzoq yillar Moskvada yashagan edi. “Yozuvchilarni bilarmikin yo yoʻqmi?” degan shubha bilan Mirzakalon Ismoiliy tugʻilgan kuniga sakson yil toʻlgani aytilganda uning koʻzlari charaqlab ketdi.
-Men bu ustozni juda yaxshi bilaman. Moskvada yurib oʻzbek tilini unutib yubormaslik uchun “Fargʻona tong otguncha” romanini qayta-qayta oʻqirdim.

U kishining aytganlari biz uchun katta baho boʻldi.

Buloqboshiliklarning tashabbusi bilan toʻqson yillik toʻylari ona qishloqlarida oʻtkazildi.

Bu yil tugʻilganlariga yuz yil toʻladi. E'tiboringizga havola etilayotgan bu bayonimizni shu qutlugʻ sanaga atadik. Aslida bu asarni ancha ilgari yozishim kerak edi. Asar avvalidagi sanaga e'tibor bergan boʻlsangiz, yozishni oʻn yil avval boshlaganman. Unga qadar necha yil turli fikr-mulohaza bilan qoʻlga qalam olishga jur'atim yetmadi. Ta'bir joiz boʻlsa, bu eng uzoq yozilgan asar boʻldi. Asarga yozuvchi hayotidagi eng ogʻir damlar asos qilib olindi. Qamoqdan keyingi hayotlari kam tilga olindi. Ehtimol, bu mavzu alohida bir asarga koʻchar, vallohi a'lam! Ardoqli yoshlarimiz bayonimizdagi doʻstlar va ularning xiyonatiga e'tibor berishsa foydali boʻlardi. Zero, asarni yozishdan maqsad, faqatgina yozuvchi hayotidan bir-ikki lavha hikoya qilishgina emas. Bayon qilinuvchi lavhalar bizlarga ibrat boʻlishi kerak. Shu oʻrinda Alloh yoshlarimizni sadoqatli doʻstlar bilan siylasin, deb duo qilamiz. Sadoqatli doʻstdan faqat bir yoki ikki kishi manfaat koʻrmaydi. Sadoqatli doʻst – jamiyatning qudrati hisoblanadi.

Hujjatli qissa doirasiga kirmay qolgan ayrim voqea, fikr va mulohazalarni xotima bobida boʻlsa ham aytib oʻtish zarurga oʻxshab qoldi.

Mirzakalon Ismoiliyning nomini elga mashhur qilgan asar – “Fargʻona tong otguncha” romani. Adibning moʻljalicha, asar uch kitobdan iborat – trilogiya boʻlishi kerak edi. Romanning ikki kitobi yozildi. Uchinchisi qogʻozga koʻchmadi. Yozuvchiga “Roman qanday yozildi, uchinchi kitob qachon bitadi?” degan savollar javobsiz qolardi. Radioda ishlab yurgan davrimda, bir kuni “Odamlar romanning yozilish tarixi bilan qiziqishyapti”, deganimda, togʻam ma'yusgina jilmayib: “Qanday javob beraman, kitobni qamoqdaligimda yozganimni aytganim bilan e'lon qila olishmaydi-ku?”-dedilar.

“Fargʻona tong otguncha” romani navbatdagi qayta nashrga tayyorlanayotgan kunlarda togʻam mendan: “Asqar Qosimov degan yigitni taniysanmi?” deb soʻrab qoldilar. Asqar bilan yaqin doʻst ekanimni aytganimdan keyin quvonib: “Ajoyib yigit ekan, Choʻlponni yoddan bilar ekan!” deb xitob qildilar. Oʻsha kunlari romanning muharrirligi topshirilgani uchun Asqar asarni sinchiklab oʻqib chiqibdi-da, togʻamga Choʻlpon uslubida yozilganini aytibdi. U paytlarda men “Kecha va kunduz”ni oʻqimagan edim. Asqar lotin harflaridagi nashrini qaerdandir topib oʻqigan ekan. She'rlarini ham yod olgan ekan. Asqarning ruhiyatida ham, she'rlarida ham Choʻlpon nafasi sezilib turardi. Shu tufayli ham togʻam uni yoqtirib qolgan edilar.

Romanning qamoqxonada yozilgani rost. Qoʻlyozmalarini men koʻz qorachigʻiday saqlayapman. Yuz yilliklariga bagʻishlangan tadbirlardan keyin bu qoʻlyozmalarni, turli maktublarni Adabiyot muzeyiga topshirish niyatim bor. Shulardan biri qoʻqonlik kitobxon Nosirjon Pochchaboevga yozilgan. Maktubda asar tarixiga doir satrlar mavjudligi uchun tanishib chiqsak zarar qilmas:

“Assalomu alaykum, hurmatli Nosirjon aka!

Keyingi vaqtlarda Sizni tez-tez eslar, katta gʻamxoʻrlik bilan yozib turgan maktublaringiz uzilib qolganidan xovatirlanar edim. Xudoga shukr, salomat ekansiz, biz gʻariblarni eslab, xat orqali yoʻqlash iltifotida boʻlibsiz. Buning uchun ming-ming rahmat!

Nosirjon aka, “Fargʻona tong otguncha” romanimning ikkinchi kitobi Sizga koʻp manzur boʻlganini hayajon bilan yozib, undagi maktublar, she'rlar, ayrim soʻzlar, umuman, kitobda mavjud yaxshi-yomon gaplar oʻzim oʻylab topgan gaplarmi yo arxivlardan, eski manba'lardan yigʻishtirib olingan termalarmi, deb soʻrabsiz. Nima deyin? Inson qalbi bamisoli dengiz –tagi-tugi yoʻq bir narsa boʻlar ekan. Koʻrgan-bilganlarimiz, eshitgan-oʻqiganlarimiz qanchalik katta, qanchalik hayajonli yo ayanchli boʻlmasin, qalb dengizi oʻziga sigʻdirar, asrar, betinim mavji bilan bizni toʻlqinlantirib turar ekan! Biz esak keragida bu bemisl dengiz tubidan fikrat durlarini terar, shu durlar tufayli oʻzimizni ham, oʻzgalarni ham quvontirish, hayajonlantirish, oʻylantirish baxtiga muyassar boʻlar ekanmiz. Shundogʻ, Nosirjon aka, agar hazrati Navoiydan va boshqa donoi zamonlardan qirtishlagan ba'zi she'rlar, hikmatli takbirlar hisobga olinmasa, kitobning boshidan oxirigacha hamma she'r, maktub, hikmatli gap – hammasi kamina qulingizning gʻarib qalamiga mansub ojiz fikrlardir.

O, Nosirjon aka-ya, kitobning yozilish tarixini soʻrabsiz! Buni mendan emas, kitobdagi koʻzyoshlaridan soʻrang edi! Siz “Kitobni oʻqib turib hoʻngrab yigʻlab yubordim”, deysiz. Neajab, yerga qanday urugʻ tashlasangiz, hosili shunday boʻladi. Nosirjon aka, men bu kitobni yoza turib qanchalar yigʻlaganman, qanchalar qon yutganman!.. Bilsangiz, peshanamda temir panjara, tepamda oʻlimtik chirogʻning oʻlib boʻlgan qora nuri, ostimda zax, sovuq beton, eshigida otning kallasidek qulf!.. Qoʻying, boshqa tafsillarning qorasi oʻchsin! Bu shunchaki bir kitob emas, yoʻq, shaxsga sajda davrining qora kunlarida ming azob, ming toʻlgʻoq bilan tugʻilgan bir gʻarib xilqat. Ha, xilqat!.. Bu mening yigʻlay-yigʻlay topgan bolam!

Nosirjon aka, maktubimning oxiri koʻzyoshiga aylanmay turib gapni tamom qilay, kechiring meni. Endi maktubingizning ikkinchi qismiga oʻtaylik. U masala (uchinchi kitob nazarda tutilyapti.T.M.) ochiqligicha turibdi. Yosh boʻlsa oltmish sakkizga yetib qoldi. Xudo salomat qilsa, hademay yetmish-da! Uyogʻi bir gap boʻlar...”

Mazkur maktubdagi ifoda goʻzalligiga e'tibor qilaylik. Adib matbuot uchun yozayotgani yoʻq, oddiy ishchiga qalbini ochyapti. Nosir aka 24 iyunda yoʻllagan xatida “Sizning menga yoʻllagan javob maktubingizni olmadim. Chunki men ikkinchi qavatda istiqomat qilaman. Pochta qutisi esa pastda, birinchi qavat devoriga mixlangan. Har kuni 15-16 bola xuddi shu yerda toʻplanib oʻtiradi. Shunday shoʻx va yomon bolalar koʻpki, kelgan xat va gazetalarni oʻz vaqtida olomaymiz. Yaqinda pochtachi xotin meni koʻrib: “Sizga Toshkentdan xat kelgan edi, bir yozuvchidan. Konvertdagi adres mashinkada yozilgan edi, shu xatni oldingizmi?” deb soʻradi. Men sizning u xatingizni olmagan edim”. Yozuvchi bu holdan gʻashlanmasdan “Xatim qoʻlingizga tegmagani haqidagi maktubingizni olib, oʻzimda qolgan nushasidan boshqalatdan koʻchirib yubordim. Bunisi tegar, a?” deb 30 iyun kuni joʻnatganlar.

Roman, garchi qamoqda yozilgan boʻlsa-da, uning muhokamasi yozuvchi ozodlikka chiqqanlaridan keyin Yozuvchilar soyuzida boʻlib oʻtgan, salbiy baho berilib, nashrga tavsiya etilmagan edi. 1956 yili 15 oktyabr, yozuvchi qirq sakkiz yoshga toʻlgan kuni Oʻzbekiston yozuvchilari soyuzi pravleniesi prezidiumiga xat bilan murojaat qiladi. Rus tilida bitilgan arizada bu satrlarni oʻqishimiz mumkin:

“Oʻzlaringizga ma'lumki, men uzoq yillar rus va horij buyuk adiblarining, jumladan, sovet yozuvchilarining asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilish ishi bilan shugʻullanib keldim. Bu ish to shaxsga sajdaning mal'un tuhmatchilari qurboni boʻlgunimga qadar davom etdi. Beriyaning mustabidlari meni ozodlikdan mahrum qilishdi, ammo Vatanga muhabbat haqida gap ketganda har qanday quroldan a'loroq, oʻtkirroq ishlovchi adibning qalamini tortib olisholmadi. Hibsda ekanimda men xayolan yirik asar ustida ish boshladim. Moʻljalim boʻyicha, bu asar oʻzbek xalqining 1905 yildan to bugungi kunga qadar bosib oʻtgan tarixiy yoʻlini koʻrsatishi kerak edi. Yolgʻizlikda, mahrumlikda oʻtgan kunlarim, yillarimni behuda sovurmadim. Men lagerda oʻylab qoʻyganim uch kitob-trilogiyaning asosiy yoʻnalishlarini miridan sirigacha xayolimda pishitdim. Ijod bilan shugʻullanish man etilganiga qaramay, men yashirincha qogʻoz parchalariga trilogiyaning bir qismini yozdim. Dunyoga kelayotgan asarimni uch yil badalida tunu kun qalbim toʻrida asradim, eng ardoqli, eng sevimli farzanddek suyub, erkalab, voyaga yetkazdim. Shu zaylda men ozodlikka “Fargʻona tong otguncha” trilogiyasining birinchi qismi bilan birgalikda chiqdim.

1955 yil iyunining boshlarida men kitob qoʻlyozmasini (22 bosma taboq hajmida) Oʻzbekiston sovet yozuvchilari prezidiumining sobiq raisi oʻrtoq Abdulla Qahhorovga muhokama uchun topshirdim. Qahhorov va Yashin oʻrtoqlar kitob bilan tanishib, uning kamchiliklarini koʻrsatdilar va foydali maslahatlar berdilar. Kitobda kamchiliklar boʻlishi tabiiy. Chunki u tashqi olamdan uzilgan holda, oʻtmish voqealari, dalillari yaxshi oʻrganilmagan tarzda, ahli qalamning dono gurunglaridan bebahra bir holda yozildi. Men Fargʻona vodiysini kezib chiqmay, asarda aks etgan voqealarning guvohi boʻlgan yoki bilgan odamlar bilan muloqatda boʻlmay turib, ish xonamda oʻtirib olib kitobni meyoriga yetkaza olmayman. Ammo ozodlikka chiqqanimdan keyingi moddiy muhtojligim meni, ta'bir joiz boʻlsa, oyoq-qoʻllarimni kishanlab qoʻydi.

Jonajon adabiyotimizga xizmat qilish ishtiyoqi meni Oʻzbekiston yozuvchilari soyuzi pravleniesi prezidiumiga murojaat etib, yuqorida zikr etilgan kitobni yakunlash uchun yordam soʻrashga majbur qildi. Men Fargʻona vodiysiga borish uchun ikki oy muddatli ijodiy otpusk berishingizni hamda kitobni maromiga yetkazish, izdan chiqqan sihatimni davolash uchun Moskva atrofidagi ijod uyiga uch oy muddatga yoʻllanma ajratishingizni soʻrayman”.

Romanning muhokamasida boʻlgan gaplar, bu gaplarga yozuvchining munosabati bizga qorongʻi. (Togʻam bu haqda menga hech ogʻiz ochmaganlar. Yana bir armonim ham aynan shunda: togʻamning yaralarini yangilamay, deb oʻtmishdan soʻz ochishga, nimalarnidir soʻrab, aniqlab olishga istihola qilardim). Lekin bir narsa aniqki, muhokama xolis boʻlmagan. Chunki yaqindagina qamoqdan chiqqan yozuvchi hali shubhalar chodiridan butkul qutilmagan edi. Oʻsha yillari roman yozgan adib eng yuqori martabaga yetgan hisoblanardi. Chunki yozilgan romanlar sanaladigan boʻlsa, barmoqlar ortib qolardi. Undan tashqari oʻzbek adabiyotida hali hech kim trilogiya yozmagan edi. Jahon adabiyoti tarixida ham bunday yozuvchilar koʻp emasdi. Qamoqdan chiqib kelgan adibning bu marrani egallashi boshqa “ustun”larga erish tuyulgan boʻlishi ham ehtimoldan holi emas. Har holda oʻrtada shayton bor, uning “hasad” degan kuchli quroli bor. Ajabki, chumchuq, musichaning... boyqushning ham qanoti bor, lekin qushlarning hech biri burgut yoki lochin kabi ucholmaydi yoki boʻron qushi kabi oʻzini toʻlqinlarga urolmaydi... Nima boʻlganda ham Mirzakalon Ismoiliy Yozuvchilar soyuziga rahbariyat oʻzgargandan keyin iltimos bilan murojaat etyapti. Muhokama bilan bu ariza orasida bir yildan ortiq vaqt oʻtgan. Muhokamadagi har qanday tanqid ijodkorga ogʻir ta'sir qiladi. Ayrimlarni bir necha oylab, xatto yillab ijoddan sovutadi. Togʻamda ham bu hol yuz bergan boʻlishi mumkin. Lekin tanqidlarni butunlay inkor etib, asarni shu holda nashr etishni talab qilmaganlar. Sayqal berish istagida boʻlganlar. Romanning birinchi kitobi dastlabki koʻrinishda, arizada aytilganiday, 22 bosma taboq boʻlsa, bosilib chiqqanda 26 bosma taboqni tashkil qilgan edi. Demak, yozuvchi yengil-elpi tahrir bilan cheklanmay, koʻp qoʻshimchalar kiritgan. Asarni yaxshilashga qaratilgan fikrlarni togʻam tartib bilan qogʻozga tushirgan ekanlar: yuzdan ortiq taklif!

“1-sahifa. Bagʻishlov kerak emas yoki boshqacha (jiddiyroq) boʻlsin. Boshdagi tabiat tasviri uzun. 15- sahifa. Ikkinchi bob birinchi bob “kayfiyati”ni takrorlaydi, qisqartish kerak. 34-sahifa. “Bir koʻzda ham oʻyin, ham tashvish...” Jumla, tasvir sodda, aniq emas. Murakkablik tasvirga yordam bermaydi. 47-sahifa. Kulgulik uchun haqiqatni buzish: domla qozi hokim oldiga sallasiz borolmaydi. Toʻxtab, oʻzi olishi kerak. 108-sahifa. Qudratni keyinroq taniymizmi? Hozirgi gaplarda ishontirish kuchi yoʻq. 109-sahifa. Yana zamonaviy ifoda: “oʻynab turgan qartalarini...” Ayniqsa qori aytishi mumkin emas. Qorining uzun isboti, dalili endi oʻquvchi uchun ortiqcha. Umuman qorining tili ortiqcha zamonaviy. 429-sahifa. Keraksiz patetika: “Gʻaffor nima uchun yigʻladi?” savoliga avtordan javob... Gʻulom oxirida koʻrinsin, yonayotgan boy uyiga tikilib qolsin. Joʻraxon bilan Toʻraxon birlashtirilsin...”

Yozuvchi muhokamada bildirilgan mulohazalar bilan kifoyalanib qolmaganlar. Dushanbeda yashovchi Vodud Mahmuddan fikr bildirishlarini soʻraganlar. 1958 yilning 9 avgust kuni yozgan xatlarida bu satrlar bor:

“Assalomu alaykum, muhtaram Vodud aka!

Sizning 3 avgust tarixli maktubingizni olib nihoyatda quvondim. Shunchalik iltifot qilganingiz uchun minnatdorman.

Siz maktubingizda sanab oʻtgan kamchiliklarni Toshkentdagi bir arab tili va islom dini olimi ham aytgan edi. Sizning maktubingiz u kishining mulohazalarini tasdiqlab tushdi. Kitob shaklida chiqadigan roman qoʻlyozmasi nashriyotga, ya'ni bosmaxonaga tushib ketgan, shuning uchun zarur tuzatishlarni birinchi korrekturada kirgizishga toʻgʻri keladi. Birinchi korrektura sentyabrsiz chiqmas deb oʻylayman. Ungacha yana boshqa mulohazalaringiz bilan ham ogʻalik qilasiz, deb ishonaman.

Vodud aka, sizga erish tuyulgan forscha, arabcha soʻzlarni albatta tuzataman, bu jihatdan koʻnglingiz toʻq boʻlsin. Oyatlarning toʻgʻri yozilishiga, “anbiyo”ni “sahoba” bilan alishtirish zarurligiga, ikkita guvohni toʻrttaga chiqarish, Gʻulomjonni olim va fozillikdan tushirish kerakligiga alohida e'tibor beraman. Ammo 49-betdagi she'r satrlaridan biridagi 12 hijoni qanday qilib 11ga tushirishimga hayronman. Siz-ku, tanilgan shoirsiz, balki oʻsha fikrni 11 hijo bilan ifoda etishga yordam qilarsiz? Mening bu muomalam salom berib oʻtayotgan bir bechoraning aravasiga soʻramasdan chiqib olgan surbet kishining odobiga oʻxshasa ham, har holda yana shunga jur'at qildim.

Bir yerda “hamshoʻr” degan soʻzga tushunmaganingizni aytibsiz. Nahotki? “Hamdard” qabilidagi soʻzlardan biri-ku? Balki nooʻrin ishlatilgandiru, Sizga anglashilmay qolgandir.

Vodud aka, jurnalda bosilayotgan qismlarini nomerma-nomer oʻqib borsangiz-da, ilojingiz va fursatingiz boʻlsa, fikr va mulohazalaringiz bilan meni xabardor qilib tursangiz. Ulgurganimizni tuzatib yuborardik, bu esa romanning ham madaniy, ham adabiy pallasiga tosh bosar edi. Bu bir iltimos. Ikkinchi iltimos shuki, agar roman Sizning didingizga yoqqan boʻlsa, uni tojikchaga tarjima qilish zahmatini ustingizga olsangiz, negaki tarjima mahalida undagi kamchiliklarni tuzatib yuborishda katta yordamingiz tegar edi. Zero, romanda bahs etilgan shaxsiy va ijtimoiy baxtsizliklar tojik mehnatkashining ham boshida bor edi.

Salom va ehtirom bilan Mirzongiz”.

Ustoz qatorida mehribonlik qilgan Vodud Mahmud tanbeh bergan gʻazal 11 hijoga tushirilgan. Gʻulomjonning “dilidan oʻpirilgan faryod”ning qogʻozga koʻchgan satrlari qamoqxonada tugʻilgani uchunmi, men unda oshiq yigitning emas, mahkumning zorini eshitganday boʻlaman:

Koʻngil, yigʻla, figʻoning koʻkka chiqsin!
Oʻting olsin falakni, osmonni yiqsin!
Yovuz taqdir tigʻ urdi qalbima, dod!
Netay endi tugaldi sabrim, hayhot!
Dilim dardli, tilimda ohu-zorim,
Qarordi toleimdin roʻzgorim.
Safolat boshimni yerga qaratdi,
Shirin orzu-umidlarni taratdi.
Qayon ursam figʻon birlan boshimni?
Qayon borsam toʻkib koʻzdan yoshimni?
Sevarga sevdirib, Tangrim qilib xor,
Ochiq ketgizmagil koʻzimni zinhor!

Agar aruz san'ati talablariga koʻra nazar solsak, gʻazal ancha sayoz koʻrinadi. Lekin buni komil va nuktadon shoir emas, nazmga havasigina bor Gʻulomjon yozganini e'tiborga olsak, bu da'vodan voz kechishimizga toʻgʻri keladi.

Asarning yozilish tarixini oʻylaganimda yozuvchining irodasiga qoyil qolaman. Kichkina jussali bu odamning qudratidan hayratga tushaman. Togʻamning janggohda yozilgan “Ozod inson haqida qoʻshiq” degan voqeiy hikoyalari bor. Front gazetasida e'lon qilingan boshqa lavha va hikoyalarida ham asosan ozodlik haqida fikr yuritiladi. Fashizm – qullik demak. Qul boʻlib yashaguncha ozod inson sifatida oʻlmoq afzal, degan gʻoyani oʻzlariga bayroq qilib olganlar. Shunday odam, ozodlikni hamma narsadan afzal bilan odamning oʻzi bu ne'matdan bebahra boʻlsa?! Ozodlikdan mahrum boʻlgan chogʻida ham tushkunlikka tushmay, qoʻliga qalam olib ona xalqi uchun mehnat qilsa. Xalqning ozodlikka chanqoqligi, ozodlik istagi va yoʻli haqida asar bitsa?! Endi oʻzingiz oʻylang-a, shunday odam xalqning dushmani boʻlishi mumkinmi? “Men nohaq qamaldim, men besabab jabr koʻryapman”, deb jamiyatdan nafratlanmay, aksincha, qoʻliga qalam olishi jasorat emasmi? Ba'zan odam mashaqqatga duch kelsa, ayniqsa nohaqlik, adolatsizlikdan azob cheksa, oʻzini yoʻqotib qoʻyadi. Toʻgʻri yoʻl topa olmaydi. Ongi xira tortadi. Ammo Mirzakalon Ismoiliy bunday tushkunlikka bandi boʻlib qolmagan.

Yozuvchi ozodlikka chiqqach, romanga sayqal berish, nashrga tayyorlash barobarida urushdan ilgari boshlangan xayrli ishni davom ettirdilar – Lev Tolstoy asarlarining tarjimasi bilan shugʻullandilar. Urushdan avval “Tirilish”ni tarjima qilgan adib endi “Anna Karenina” romanini oʻzbek tiliga oʻgirdilar. Chexov va Gorkiy hikoyalarini, soʻng “Choliqushi”ni tarjima qildilar. “Fargʻona tong otguncha” romanining ikkinchi kitobi, soʻng axloqiy qissalar, maqolalar... Yozuvchi irodasining mustahkamligi, mehnatkashligining isboti uchun yana qanday misol kerak? Endi: “Xoʻsh, shunday mehnatkash odam nima uchun romanning uchinchi kitobini yozmadi?” degan savol tugʻilishi tabiiy. Togʻam bu savolga tayinli javob bermaganlar. Lekin suhbatlaridan, qarindoshlar orasidagi gap-soʻzlardan bir-ikki narsani anglaganmankim, bular bilan kitobxonlarni ham tanishtirish mumkin, deb oʻylayman.

Avvalo, birinchi kitobni qamoqda yozgan boʻlsalar-da, qolganlarini ham xayolda pishitib chiqqanlar. Ikkinchi kitobning oxirida keladigan Toʻtining Dilshodga maktubi aynan qamoqxona daftariga, yana siyosiy mashgʻulot daftariga yozilgan. 1969 yil, Yozuvchining oltmish yillik toʻylariga tayyorgarlik arafasida “Guliston” jurnali uchinchi kitobdan parcha e'lon qilgan. (Yubiley noma'lum sababga koʻra bir yil kechikib oʻtkazilgan.) Muxlislar uchinchi kitob bilan qiziqaverishgandan keyin 1972 yil 19 martda Respublika radiosiga ham bir parcha berib mana bu kirish soʻzini ham ilova etganlar:

“Ikkita kitobni berishga berib qoʻyib, uchinchisiga kelganda sustkashlik qilish – yozuvchiga yarashadigan gapmi?”-deb yozibdi kitobxonlarimdan biri, menga yuborgan maktubida.

Darhaqiqat, avvalgi ikki kitobda bir yoqlik boʻlmagan, biri u ahvolda, biri bu ahvolda qolgan qahramonlarning taqdirlari kitobxonni qiziqtirmay qoʻymaydi albatta. Yozuvchi ham qariyb chorak asrdan beri igna bilan qazib kelayotgan qudugʻining tagiga yetolmayotganidan dogʻda. Na chora, meva vaqti-soati kelganda pishar ekan. Badiiy asar ham shunaqadir-da... iqror boʻlishim kerak, uchinchi kitobning tezroq tugalishiga oʻzim ham intizorman. Lekin faqat vaqti-soati kelgandagina pishadigan bizning mevamiz rang olib, pishib qolayozgan boʻlsa ham, ming afsus, hali dasturxonga tuzalgani yoʻq. Shuning uchun hurmatli kitobxonlarimga yana bir oz qanoat tilab, ularga yangi kitobimdan bir bobini oʻqib eshittirishlarini iltimos qilaman”.

1965 yil 6 oktyabr kuni shogirdlari, taniqli yozuvchi Rustam Rahmonga Moskvadan yoʻllagan maktublarida bu satrlar bor:

“...lekin qaribmanmi, ilgarigi vaqtlardagidek koʻp ishlayolmay qoldim. Tez charchayman, boshim ogʻriydi. Lekin, bunga qaramay, koʻp ish qilib qoʻydim. Ikkinchi kitobni tamom qoʻldan chiqarib, jurnalga yubordim. Kitobning uchinchi qismini boshqalatdan ishladim. Endi yaxshi boʻldi. Toʻtiqizning Teshaboy xaramidan yozgan she'riy maktubi ham qoʻshildi. Shu safarimda uchinchi kitobning yarmini qoralab ketaman, degan harakatdaman. Dekabrda qaytib borsam, uyda oqqa koʻchiraman. Ungacha bosib ishlash bizdan, kuch tilash – doʻstlardan...”

Boshqa bir maktublarida bu satrlarni oʻqiymiz:

“Assalomu alaykum, Rustamjon, azizim!

Sizdan ikkita xat olib, katta qarzga botib qoldim. Vaqtida javob qila olmaganim uchun ma'zur koʻrasiz. Rostini aytsam, Sizdan xat emas-u, hamisha kulimsirab turgan yoqimli chehrangiz keldi. Xuddi oʻzingizni koʻrganday quvondim. Quvonch katta boʻlsa, uni hazm qilish uchun vaqt ham kerak ekan.

Telefonda xabar qilganimdek, ishimni shu oy oxirlarida tugatish umidida edim. Lekin oʻrtada afsus yeydigan bir ish chiqib qoldi. Oy boshlarida Oʻzbekiston yozuvchilar soyuzining iltimosi bilan Vilʼnyusga, Litva adabiyoti klassigi Donalaytisning 250 yillik tantanasiga borib, bir necha gʻanimat kunlardan ajraldim. Buning ustiga Vilʼnyusdan qaytganimdan keyin, ish sust keta boshladi. Bu ham sababsiz emas, albatta. Avvalo, qattiq charchaganman, qolaversa, qaytar kunim yaqinlashgani siqilgan yuragimni oʻynatib qoʻydi. Oʻzingiz oʻylab koʻring, temir yoʻl bileti choʻntagingda boʻlsa, 28 yanvarda jonajon shahringda sevgili bolalaring, aziz doʻstlaring davrasida oʻtirish baxti tursa, qanaqa ish yurishadi? Keling, chalasi Toshkentda bitar...”

Birinchi kitob qoʻlyozmasining muhokamasidan to kitob dunyo yuzini koʻrguniga qadar uch yildan oshiqroq vaqt oʻtdi. Asar eng kam nushada – 15 mingta bosildi. Holbuki, boshqa asarlar muhokama qilingan yiliyoq 60 ming nushada bosilardi. Garchi kam nushada bosilgan boʻlsa-da, shuhrati havas qiladigan darajaga yetdi. Kitob muhiblarining aytishlaricha, “Oʻtgan kunlar” romanidan keyin hech bir asar bu kabi suyub oʻqilmagan ekan. Demak, uchinchi kitobning yozilmasligiga boshqalardan xafalik sabab boʻlgan, degan taxminni rad etsak ham boʻladi. Toʻgʻri, xafaliklar ham boʻlgan. Masalan, Mirzakalon Ismoiliy hayot ekanlarida asarlari

majmuasini nashr ettirish orzusi bilan yashaganlar. Kimlarning koʻp toʻmliklari chiqmadi, deysiz? Ammo Mirzakalon Ismoiliy uchun bu yoʻl taqa-taq berk edi. Yozuvchi mukofotlar olish yoki unvonga ega boʻlishni orzu qilmasdi.

1983 yilda adib Yozuvchilar soyuziga murojaat etishni lozim koʻrib, arizani yoza boshlaganlar:

“Mana, nihoyat, shu yil oktyabrning oʻn beshida 75 yoshga toʻlaman. Shu munosabat bilan yubileyim qilinsa, badiiy asarlarim “Tanlanma” yo “Toʻplanma” shaklida maxsus nashr etilsa, shunday yorugʻ kunni qanoat bilan kutib kelayotgan men kabi mushfiq oqsoqolga katta iltifot boʻlarmikin, deb oʻylayman. Agar ellikka, oltmishga, boringki, yetmishga toʻlganimda ham mening na “Tanlanma” va na “Toʻplanma” asarim nashr etilmaganini hisobga olinsa, boshim osmonga yetar edi.

Men istardim, asarlarim besh tomda chop etilsa...”

Ariza shu yerda toʻxtatilgan, sana ham qoʻyilmagan, imzo ham chekilmagan. Yozishni boshlashga boshlab qoʻyib, avvalgi muomalalar eslariga tushgan boʻlsa, umid yulduzlari soʻnib qoʻya qolgandir. Vafotlaridan bir necha oy oldin qoʻltiqlariga kirib, nashriyotga boshlab bordim. “Koʻp tomlik masalasida necha yillardan beri meni aldab kelasizlar. Oldin Rashidovdan qoʻrqardinglar, uning oʻtganiga ham ancha boʻldi. Endi kimdan qoʻrqasizlar? Savolimga javob izlab ovora boʻlmanglar. Sizlarni qiynamayoq qoʻya qolay. Sizlardan bitta oʻtinchim bor: men tarjima qilgan “Tirilish” romani qamoqdaligimda boshqa kishining nomida nashr etilgan. Shu xato tuzatib, oʻzimning nomimni tiklab chiqarib bersanglar, oʻlsam ham koʻzim ochiq ketmasdi...”

Shu gapdan keyin ham adolat tiklanmadi. Yozuvchining iltimosi yerda qoldi. Oʻsha kuni nashriyot dahlizida Sharof Rashidovning ukasi Asil Rashidovni uchratdik. Togʻam u kishi bilan koʻrishib, “oradan ancha vaqt oʻtgan boʻlsa ham, ta'ziyamni qabul qiling, akangiz juda yaxshi odam edilar”, dedilar. Nazarimda Rashidov togʻamga qarshilik qilmagan boʻlsa kerak. Yetmishinchi yillarning oxirida edi shekilli, uylariga borsam, Rashidovga xat yozib oʻtiribdilar. “Kecha bir majlisda Rashidov tepada, men pastda edim. Menga koʻzi tushib “Mirza aka qarib qolibdilar, ahvollaridan xabar olib turinglar” , debdi. Yashin shu xatni yozing, deb maslahat berdi. Oʻz qoʻliga yetkazib berarkan”, dedilar. Bu xat yozilgandan keyin bir necha yil vaqt oʻtdi. Aks-sado boʻlmadi. Keyin ma'lum boʻlishicha, Yashin xatni stoli gʻaladoniga tashlab qoʻya qolgan ekan. U kishi ishdan ketgach, yangi rais togʻamni yoʻqlab chaqirdilar. Oqibatda “San'at arbobi” degan unvon berildi...

Bir kuni uyimizda uchinchi kitob haqida soʻz ochilganda ayamning “Togʻang uchinchi kitobni yozmayman, shuncha mehnat qilib roʻshnolik koʻrmadim”, dedilar. Togʻanging irodasini urush bukolmagan edi, qamoq bukolmagan edi, xorlik, qadrsizlik bukdi”, deganlarini eshitib, bunga ishongan edim. Qadrsizlikni inkor etmaganimiz holda, buni uchinchi kitobni yozmaganlariga sabab, degan taxmindan yuz oʻgiramiz. Chunki bu yozuvchi arazlaydigan toifadan, boshqacha aytsak, “burgaga achchiq qilib koʻrpa kuydiradigan”lardan emasdilar.

Oltmishinchi yillarning boshlarida Respublka radiosining “Yoshlik” tahririyatida Rustam Rahmon, Sa'dulla Siyoev ishlashardi. Ular Mirzakalon Ismoiliyni tahririyat ishlariga tortishdi. Shu tariqa yozuvchining axloq-odob mavzuidagi suhbatlari boshlanib, bu eshittirishlar katta shuhrat qozondi. Maktub koʻp kelardi. Togʻam xat yozishga ulgurolmas edilar. Yozuv stollari dono maslahatga muhtojlarning maktublari bilan toʻla boʻlardi. Bu maktublarning ayrimlarini kulib, ba'zilarini gʻazabga toʻlib oʻqib berardilar. Xalqqa odob mavzuida gap aytish uchun kishi avvalo ma'naviy huquqqa ega boʻlishi lozim ekan. Pokizalik haqida gapiruvchi odamning oʻzi pokiza boʻlibgina qolmay, ifloslikka qarshi kurasha oluvchi qudrat sohibi boʻlishi kerak ekan. Biror kimsaga “Sen vijdonli boʻl!” demoqdan avval oʻz vijdoniga qarab olmogʻi lozim ekan. Biron bir yoshga “Toʻgʻri yoʻldan yur”, deyishdan oldin oʻzi bosib oʻtgan yoʻlga qarab olishi zarur ekan. Kishiga ana shunday ma'naviy huquq zarurligini oʻzim ham keyinroq anglab yetdim.

Radio orqali olib borilgan axloq mavzuidagi turkum suhbatlar noshirlarda kitob chiqarish fikrini tugʻdirdi. “Oʻzbekiston” nashriyotining taklifi bilan “Inson husni” degan kitobcha yuzaga keldi. Kitobcha juda tez tarqaldi, oʻquvchilar e'tiborini qozondi. Oradan koʻp oʻtmay, bu mavzu toʻldirilib, “Odamiylik qissasi” yuzaga keldi. Muxlislar orasida togʻamni “ma'naviy otam” deb ardoqlovchilar koʻpaydi. Togʻamning vafotlaridan ikki oy oʻtgach, bir ayol menga uchrashib, qaerga dafn etilganlarini soʻradi. “Mirzakalon Ismoiliyning oʻzlarini koʻrmaganman, lekin kitoblari orqali men u kishini oʻzimning “ma'naviy otam”, deganman. Vafotlaridan endi xabar topib, kelyapman. Vaqtida bilganimda qizlari qatorida turib vidolashgan boʻlardim”, degach, uni qabristonga oʻzim boshlab bordim. Ayol qabriston darvozasidan oʻtiboq yigʻlab yubordi. Xuddi oʻz otasiing ziyoratiga borayotganday boʻzlardi. Qabr tepasida ham shunday boʻldi...

Togʻam axloq-odob mavzuiga butunlay berilib ketdilar. Radiodagi suhbatlar, matbuotdagi chiqishlardan tashqari maktub yoʻllagan muxlislariga iloji boricha javob qaytarishga urinardilar. Muxlislarning ayrimlari yordam soʻrardi yoki maslahatga muhtojligini aytardi. Yordamga muhtojlarning yo otasi-onasiga, yo oʻzi oʻqiydigan fakulʼtet deganiga... xat yozardilar, yoshlarning mushkulini oson qilishlarini soʻrardilar. 1976 yili Oʻsh viloyatining Jalolobod shahridan bu xat yoʻllangan:

“Assalomu alaykum, hurmatli domla. Bu xatni qoʻlingizga olganda har bir notanishning xati singari taajjublanayotgandirsiz? Ha, taajjublanishga haqlisiz, albatta. Chunki men biron marotaba yo xat orqali yo tik siz bilan uchrashmaganman. Men faqat siz bilan kitoblaringiz orqaligina tanishman. Hurmatli domla, kitoblar ichida sizning “Odamiylik qissasi” kitobingiz barcha kitob shinavandalari singari menga yoqdi. Men sizning shu kitobingizni oʻqiganimdan keyin, ba'zi bir dugonalarim bilan birgalikda bir qancha hayotiy savollarga toʻxtaldik va shularni ham bilmoqchi boʻldik. Bu xatda buni sizga ma'lum qilmadik, chunki shu xatimizga javob yozib, oz boʻlsa-da, bizga vaqt ajrata olishingizni ma'lum qilsangiz, biz keyingi xatimizda batafsil, tutilmayroq yozishga kelishdik. Barcha tengdoshlarim nomidan zavod ishchisi Alisherova Mayramxon”.

“Qizim Mayramxon, assalomu alaykum!

Qarang, shu yil 14 mayda yuborgan xatingiz yozuvchilar soyuzida yotib qolibdi. Bugun oldimu javob yozishga oʻtirdim. Mayramxon, kitobim Sizga, dugonalaringizga yoqqan boʻlsa, bu mening uchun katta mukofot. Demak, uzoq vaqtlar tinmay qilgan mehnatim zoyi ketmabdi. Qarang-a, Mayramxon, iyunning 21-22 kunlari Sizning goʻzal Jalolobodingizda, bir qarindoshimiznikida edim. Bilsak oʻsha yerda koʻrishar, savollarni ham birga-birga hal qilishar ekanmiz. Attang! Shundogʻ boʻlsin, Mayramxon qizim, qancha, qanaqa savollar tugʻilgan boʻlsa yozing. Hammasiga qadri hol javob beraman. M.Ismoiliy. 30.06.76”.

Yana bir xat alohida e'tiborga molik ekani uchun, uzunroq boʻlsa ham toʻla bayon etishni lozim koʻrdik:

“Assalomu alaykum, siz hurmatli shoirimiz Mirzakalon Ismoiliy!

Men sizning yozgan kitoblaringizni zoʻr qiziqish bilan oʻqib kelmoqdaman. Yaqinda “Odamiylik qissasi” degan kitobingizni olib oʻqib, xursand boʻldik. Siz toʻgʻri yozibsiz shu kitobni. Shu kitobda bizlarning nomimiz ham bor ekan, rahmat sizga. Men bu kitob asosida xat yoʻllayman. Siz Toshmurod bobo toʻgʻrisida koʻp fikr yozibsiz. Men shu bobo toʻgʻrisida ozgina boʻlsa ham yozib yubormoqni lozim topdim. Toshmurod bobo 1950 yillari Oqdaryo qishlogʻiga ish axtarib kelgan edi. Shu paytda yoshi 85ga kirgan boʻlsa ham u kishi bardam-baquvvat edi. Toshmurod bobo tomorqamizda ishlab ikki xalta don oldi. Soʻng otam bilan maslahatlashib, qishlogʻimizga koʻchib kelib Musallam xola, qizi Muqaddas va 7-8 yoshli Qarshivoy oʻgʻli bilan birga bir kulbada yashay boshladi. Qish chiqib,koʻklam kelgach, Abdulla akamlar yertoʻla qazib, kulbaxona qilib berishdi. Ular koʻp yillar kulbaxonada yashashdi. Soʻng oʻzlari gʻisht quydirib, yangi uy qurib olishdi. Bobo oilasini boqish uchun oʻtinfurushlik, choʻponlik qilar edi. Bolalari ulgʻayib, voyaga yetishdi. Qizlari turmushga chiqib ketishdi. Qarshivoyga xotin olib berishdi. Toshmurod bobo yildan yilga qarib, koʻzi oʻtmay, oʻzi nimjon boʻlib qoldi. Muqaddam va Qarshivoy boshqa otadan ekan. Qarshivoy otani mensimas edi. Bir kuni bobo choy ichish mahali unga hazil gap aytdilar. Qarshivoy hazilga javoban otasiga bir olayib qarab: “sening koʻzingga koʻrsataman!” dedi. Qarshivoy qimorvozlik qilardi, otasiga qaramas edi. Bir kuni borgan ona-bola menga “bobong sizlarnikiga mehmonga bormoqchilar, yaxshilab mehmon qil”, deyishdi. Men u payt hali uylanmagan edim. Bobo biznikida uch oy turdilar. Koʻklamga chiqib, “bobo kelsinlarmi?” desam, “Yoʻq!” deyishdi. 1964 yili men harbiy xizmatga ketdim.Uch yil deganda qaytdim. Roʻza payti edi. Bobo yuz yoshga yetgan boʻlsa ham roʻza tutarkan. Bir kuni bobo tahorat olaman, deb hovliga chiqib, uyga qaytolmay adashib, oq ishton, oq koʻylakda koʻchaga chiqib ketibdi. Qahraton qish edi. Ovozlarini eshitib, u kishini uyga qaytardik. Qarshivoy chiqib xabar ham olmadi. Bobo yuz uch yoshga kirgan payti edi. Roʻzani ochaman, deb bir qultum suvni yuta olmay, yuragi urishdan toʻxtabdi. Mullaxoʻja qishlogʻi xalqi 4-5 soʻmdan pul yigʻib, Toshmurod boboni dafn qildi. Qarshivoy hayallamay, uyni sotib, koʻchib ketdi. Onasi bilan kichik singlisini tashlab ketdi. Siz yozgan Toshmurod bobo taqdiri shunday tugadi.

Hurmatli redaktor xodimlar, mening bu arzimas xatimni Mirzakalon Ismoiliyga yoʻllangizlar, deb iltimos qilaman. Shonazar Salomov, Samarqand oblastʼ, Oqdaryo rayon, Lenin nomidagi kolxoz, 11-brigada”.

“Hurmatli inim Shonazar, assalomu alaykum!

Shu yil avgust oyida menga bir maktub yoʻllagan ekansiz. Koʻp rahmat. Lekin maktubingiz shu bugun qoʻlimga tegsa-ya!

“Odamiylik qissasi” nomli kitobimni oʻqib, Toshmurod bobo, Abdulla aka, Erkin Hojiqurbonovlar haqida, oʻzingiz haqingizda ham batafsil xat yoʻllaganingiz boshimni osmonga yetkazdi. Yozuvchi biron odamni qalamga olsa, uni hech qachon esdan chiqarmaydi, taqdiriga ham befarq qolmaydi. Men Qarshivoyning betamizligi, Toshmurod boboning shoʻri-anduhi haqida biron xabar eshitsam, deb orzu qilar edim. Maktub qanchalik ogʻir boʻlsa ham Siz meni bir muncha tinchitdingiz, rahmat.

Inim Shonazar, qani endi Qarshivoy singari betamiz oʻgʻillar, qari otasiga qarashdan qochgan nomardlar, tekinxoʻr ablahlar urugʻi qurib, yuzdan oshsa ham oʻz nomini mehnatdan topgan marhum Toshmurod bobo singari halol insonlargina qolsa dunyoda! Yaxshilar orzu qilgan ana shunday payt ham kelar bir kun. Lekin oʻzi kelmaydi u payt. Uni keltirish kerak. Keltirish uchun esa yuzi qora, xudbin, batarin qarshivoylarga qarshi tinmay kurashmoq lozim!

Shonazarjon, Toshmurod bobo hayotligida unga yordam qoʻlini choʻzgan, vafot etgandan keyin esa dafniga qadrhol koʻmakda boʻlgan hamqishloqlaringizga, u olijanob insonlarga mendan behad minnatdorlik bildirib, Abdullajon, Erkinboy va boshqa yaxshilarga salomimni yetkazsangiz. Menga gʻoyibona tanish hamqishloqlaringiz, qariganda jafo chekib oʻtgan Toshmurod bobo taqdiri haqida batafsil maktub yozishdan erinmaganingiz uchun oʻzingizga rahmatlar aytaman. Farzandlaringizga, umr yoʻldoshingizga, oʻzingizga sihat-salomatlik, faqat baxt, quvnoqlik tilab qolaman.

Salom va ehtirom bilan, M.Ismoiliy.

Toshkent, 1975 yil,12 oktyabr”.

Muxlislar yozuvchining turar joyini bilmaganlari uchun maktublarini yo tahririyatga yoki yozuvchilar uyushmasiga yoʻllardilar. Tabiiyki, turli sabab bilan maktublar yozuvchining qoʻliga vaqida yetib kelmas edi. Shu bois, javob xatlarining oxirida adib turar joylarini, hatto telefonlari raqamlarini aniq koʻrsatishdan erinmas edilar. Bu muhlislarga boʻlgan ishonch va muhabbatlarining ramzi edi, desak, yanglishmaymiz.

Axloq-odob mavzuiga butunlay berilganlaridanmi, yirik asar yozish fikridan uzoqlashdilar. Men damba-dam romanning uchinchi kitobini eslatardim. Ammo tayinli javob ololmas edim. Yordam beray, birga yozaylik, deyishga jur'at etmasdim...

Uchinchi kitob haqida yana soʻz ochganimda “Toʻxta, boshqa narsa xayolimga keldi. “Bizning roman”ni davom ettirsam-chi?” deb qoldilar. Togʻamning oʻsmirlar tarbiyasi muammolari jiddiy ravishda tashvishga solayotgan edi. Bunga kichik togʻamning azamat oʻgʻlini oʻrtoqlari urib oʻldirib qoʻyishi sabab boʻlsa kerak. Jiyan boʻlmishning dafn marosimida yozuvchining faryodlari, sud jarayonidagi iztiroblari hali-hali yodimda. Sihatlarining nobopligiga qaramay, ishga kirishdilar. Bolalar axloq tuzatish mehnat koloniyasiga bordilar. Biz har kuni yo koʻrishardik yo telefonda gaplashardik. Togʻam erinmay hisob berardilar: “Shuncha bet yozdim, shunchasini mashinkada koʻchirdim. Shunday yaxshi fikr keldi xayolimga, ertaga qogʻozga tushiraman...” Ish bilan band ekanliklarida xastalik uzoqlashganday boʻldi. Oradan oylar oʻtib, “Oʻzingdan koʻr” degan axloqiy qissa yuzaga keldi. Bu yozuvchining soʻnggi asari edi. Togʻam bu kitoblarini koʻrolmay ketdilar.

Asar yakuniga yetib, nashrga topshirilgach, kasallik yana tez-tez xuruj qila boshladi. Shunda “Fargʻona tong otguncha”ning uchinchi kitobi haqida soʻz ochib, taklifimni aytdim. “Ha, shunaqa qarzim bor. Sen yordam bersang yozaman... Faqat birinchi, ikkinchi kitoblarni topib kel. Koʻp narsalar xayolimdan koʻtarildi”, dedilar. Ikkita kitobni topib, olib bordim. Hech unutolmayman: togʻam kitoblarni xuddi sinib ketadigan nozik chinniday ehtiyotlab olib, stol ustiga qoʻydilar. Keyin madorsiz qoʻllari bilan xuddi goʻdak boshini avaylab silaganday, kitob yuzini siladilar. Menga qarab-qarab qoʻydilar-da, keyin “Shuni men yozganmanmi, a?” dedilar. Bu savol zamirida ham faxr, ham oʻkinch bor edi. Oʻshanda togʻamning koʻzlari namlanganini sezdim. Keyin-keyin oʻylab qarasam, “yigʻlab-yigʻlab topgan bolalari” bilan vidolashayotgan ekanlar. Men nodonning bu haqiqatga oʻsha paytda aqlim yetmabdi…

Men safarga, togʻam toʻrt yil jang bilan borgan shaharga – Berlinga joʻnashim kerak edi. “Qaytgunimcha oʻqib qoʻysangiz, ishni boshlab yuborardik”, dedim. Moʻljalim: togʻam asosiy voqealar bayonini bersalar, qolganini qoʻlimdan kelganicha qogʻozga tushirmoqchi edim. Voqea sodir boʻladigan joy aniq – Fargʻona vodiysi, asosan Andijon atroflari. Vaqt aniq – oʻn yettinchi yilning fevral va oktyabr toʻntarishlari oraligʻidagi sakkiz oy. Qahramonlar ham aniq. Oʻsha davrni, olatasir zamonni ham yaxshi oʻrganganman. Mana shular menga dalda berdi.

Ammo oʻylaganlarim roʻyobga chiqmadi. Qaytgach, togʻamni shifoxonada hushsiz koʻrdim.

Uchinchi kitobning yozilmaganiga yana bir asosiy sabab bor, deb gumon qilardim. Mustaqillik oftobi qalblarni yoritgach, gumonim haqiqatga aylanganday boʻldi. Asar, Asqar Qosimov toʻgʻri ta'kidlaganiday, Choʻlponning “Kecha va kunduz” romani ta'sirida yozilgan. Buni yozuvchining oʻzlari ham inkor etgan emaslar. Unga “Fargʻona tong otguncha” ya'ni “Kecha…” mazmunida nom qoʻyilishi ham shundandir. Romanning dastlabki sahifalarini eslaylik: yozuvchi Qorabuloq manzaralarini qanday mehr bilan tasvir etadi. Soʻng qahramoni Gʻulomjon nomidan: “Jannat, jannat deyishadi-yu, jannat deganlari Qorabulogʻimizdan yaxshimikin?” deydi. Endi tasavvur etaylik: qamoq azobida turgan holda bolalik damlari oʻtgan Andijonning Buloqboshisini qanday qoʻmsash bilan yozdilar ekan bu tasvirlarni...

Yozuvchi oʻn yettinchi yil arafasidagi Fargʻona viloyati hayotini toʻgʻri aks ettirganlar. Hozirgi kunda tarixni qayta koʻrish jarayonida ba'zan biryoqlamalikka yoʻl qoʻyilyapti. Ya'ni, “oʻn yettinchi yilgacha hayot yaxshi edi, keyin yomon boʻldi”, degan fikrlar ham uchrayapti. Tarixni qoralash kasalidan qutilish qiyin kechyapti. Axir yaxshimi, yomonmi oʻtmish – bizniki, oʻtmish – ota-bobolarimiz hayoti demak. Shunday ekan, huda-behudaga qoralayvermasdan xolis baho berishni oʻzimiz uchun qoida qilib olsak chakki boʻlmas edi.

Yigirmanchi asr boshlarida mehnatkashning ahvoli ogʻir edimi? Ha, ogʻir edi. Oʻsha davrda yashab, ijod etgan ziyolilarning, ma'rifatparvarlarning asarlarini eslaylik. Yigʻlab yozilgan satrlarni yana bir qayta oʻqiylik. “Oʻtgan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlarida tasvir etilgan fitna-fasodlar bu davrga kelib avj olmadimi? Xalq johillik va kambagʻallik botqogʻida azob chekmadimi? Ziyolilar xalqni gʻaflat uyqusidan uygʻotish uchun harakat qilmadilarmi? “Fargʻona tong otguncha” shular haqida edi. Ammo yozuvchi avvalo qamoq sharoitida, soʻngra davom etgan ta'qiblar davrida barcha haqiqatni ochiq yoza olmas edilar.

Bir kuni togʻam “Sen jadidlar haqida kattaroq asar yozsang boʻlardi”, dedilar. Men “Bu haqda yozganim bilan chiqarisharmikin?” deganimda oʻyga tolib: “Sen ularning hayotlarini oʻrganaver. Yozadigan, nashr etadigan vaqt keladi”, degan edilar.

Oʻzlari vaqtida aytolmagan gaplarini menga vazifa qilib qoʻyganlarini keyinroq tushundim. Asar chiqqan paytda yolgʻonligi uncha sezilmagan sahifalar, xususan, rus ishchilar sinfi vakillarining oʻzbek mehnatkashlari sinfiy ongining shakllanishidagi xizmatlari bayon etilgan sahifalar endi oʻquvchi gʻashiga tegishi mumkin edi. “Vijdon quli, iroda begi boʻl!” degan oʻz aqidasiga sodiq yashagan yozuvchi asarning shu oʻrinlarida chekinganmilar? Irodalari zaiflashganmi? Balki... tirik jon... begunoh – Parvardigor... Lekin tushunish kerak: bu bayonlar boʻlmasa asar nashr etilmas edi. Oybek domlaning “Qutlugʻ qon” romanlari boshiga ham shuday kun tushgan ekan. Asar qoʻlyozmasi muhokamasida yozuvchi rus ishchilari obrazini tasvir etmaganlikda ayblangan ekan. Shundan soʻng Yoʻlchini tarbiya etuvchi rus ishchisi obrazi paydo boʻlgan ekan. Mirzakalon Ismoiliyning vafotlaridan soʻng “Fargʻona tong otguncha” “XX asr oʻzbek romani” turkumida qayta nashr etiladigan boʻlganda majburan qoʻshilgan sahifalarni qisqartirish niyati tugʻildi. Keyin oʻylab qoldim: bu ish avvalo yozuvchi mehnatiga behurmatlik boʻladi. Qolaversa, dono, farosatli oʻquvchi qaer chin, qaer yolgʻon – oʻzi ajratib oladi, degan toʻxtamga keldim. Bundan tashqari, ziyrak kitobxon asar yozishdagi yozuvchining zahmatini xis qila oladi.

Xullas, fevral va oktyabr toʻntarishlari orasidagi voqealar tasvirida eng koʻp yolgʻon ishlatishi lozim boʻlardi. Chunki sovet tarixchilari ayni shu davrni uydirmalar bilan bezab-bejashgan edi. Togʻam esa bu davrni oʻz koʻzlari bilan koʻrgan edilar. Birinchi va ikkinchi kitobda majburan yozilgan sahifalar sonini oshirishni lozim koʻrmay, ishni davom ettirmaganlar. Agar yozuvchi bugungi kunlarimizda yashaganlarida, shubham yoʻqki, uchinchi kitob yozilardi. Yozilganida ham haqiqat yoʻlida, ajoyib tarzda yozilardi.

Togʻamning vafotlaridan keyin zimmamda bir qarz sezib “uchinchi kitobni oʻzim yozishga harakat qilsammikin?” deb ustoz Pirimqul Qodirovdan maslahat soʻradim. “Yozmang, lozim topsalar Mirza akamning oʻzlari yozgan boʻlardilar”, dedilar. Toʻgʻri maslahat bergan ekanlar. Yozishga unnab koʻrgan taqdirimda ham, voqealar bayonini ulay olganimda ham ulugʻ adibning uslubini saqlay olmasdim, ayniqsa til goʻzalligini berishda qalamim ojizlik qilishi tayin edi.

Darvoqe, til... Bu boradagi mahoratlarini koʻpchilik Abdulla Qodiriy, Choʻlpondan keyingi safga qoʻyardi. Chindan ham ifodadagi goʻzallik betakror edi. Lekin, ikkinchi kitob chiqqanda bir-ikki yosh adabiyotshunoslar aynan shu goʻzal ifodalarni “bekorchi jim-jima”ga yoʻyib tanqid qildilar. Ular jahon va rus mumtoz adabiyoti namunalarini emas, sovet ishchi-yozuvchilarining xom-xatala asarlarini oʻqib ilm olgan boʻlsalar kerak. Sveygni, Dikkensni, Tolstoyni, Thakurni oʻqigan odam qahramon ruhiyatini ochishdagi badiiy tasvirni inkor etmagan boʻlardi. Oʻrni kelganda shu tasvirlardan bahramand boʻlaylik:

“Gʻulomjon onasining nimaga yigʻlayotganini, nimaga betob boʻlganini biladi. O, bola shoʻri naqadar dahshatli zarbaki onaga! Jigargoʻshasining baxti qoraligini koʻrganda – ona dili hamisha qon, yuzi za'faron! Mana, izzat toʻshagida piyrona chehrasidan baxt nurlarini toʻkib oʻtirish oʻrniga musibat koʻrpasini dilpora boʻlib yotibdi!..

...Gʻulomjon tilga olinmagan, lekin hammalari tushunib turgan dahshatli zarbaning ogʻir yukini hujrasiga koʻtarib kirdi...”

“Jamoliddin muloyim kuldi. Bu kulgida ham Fosih afandining yuziga tortilgan shapati qarsi bor edi”.

“Ilon tilida zahar boʻlmasa, uni hamma sevib qoʻlga olgan boʻlardi. Afsuski, poʻstining yaltiroqligi hech kimni ilitmaydi...”

Bunday misollarni yuzlab keltirish mumkin. Ehtimol, yozuvchi ayrim satrlarda boʻyoqni quyuqlashtirib yuborgandir. Togʻamning asarlari kamchiliklardan mutlaqo holi, degan da'vodan uzoqman. Badiiy asarga nisbatan kishilarning didi bir hil emas. Kimgadir jimjima ifodalar yoqadi, kimgadir quruq tafsilot. Bu jihatdan bahslashish nooʻrin. Lekin, meningcha, suvoq qilinmagan xonada oʻtirgandan koʻra, naqshlar bilan beztilgan uyda yashagan yoqimliroq boʻlsa kerak.

Bu kunlarda yoshlar ijodiga koʻzimiz tushganda ifodalarida sehr-tarovatni koʻrmay bir oz afsuslanamiz. Qahramonning ichki dunyosi, tabiat tasvirlari ularning diqqatidan chetda qolib, faqat voqealar bayoniga beriladigan boʻlib boryaptilar. Ilgarilari “adabiyot” atamasiga “nafis” sifati qoʻshib aytilardi. Afsuski, hozir shu nafislikdan uzoqlashyaptilar. Buning asosiy sababi shoshma-shosharlik, tezroq kitobni chiqarish harakati boʻlsa, ikkinchisi oʻsha adabiyotshunoslarning hamfikrlari koʻpayib qolgani natijasidir. Bizning xalqimiz lutfni, nafislikni, goʻzal ifodalarni sevadi. Bulardan bebahra, ta'bir joiz boʻlsa, “quruq” asarlarning umri qisqa boʻladi. Agar yoshlarga nasihat qilishga haqqim boʻlsa, Qodiriy, Choʻlpon, Ismoiliyga hos goʻzal ifodalarni qunt bilan oʻrganib, oʻrganganlaringizni asarlaringizga olib kiring, degan boʻlardim.

Shu oʻrinda yana bir izoh lozim: oʻtgan yili bir kishi menga maktub yoʻllab, yozuvchilar “din ustidan kuladilar”, deb e'tiroz bildiribdi va bir qator yozuvchilarning asarlari qatorida “Fargʻona tong otguncha”ni ham tilga olibdi. Men bu masala boʻyicha bir necha marta fikrimni bayon etganman. Takror boʻlsa-da, yana ta'kid etishga majburman: azizlar, boshqa yozuvchilar singari Mirzakalon Ismoiliy ham dinni haqorat qilishdan uzoqlar. Dinga tosh otishdan har bandani Allohning Oʻzi saqlasin! Yozuvchilar dindor libosidagi, qilmishlari dinga zid boʻlgan ayrim johil, mutaassiblarni hajv qiladilar. Axir dindorlar orasida ham turli-tuman odamlar bor. Taqvo egalarini, nafsiga zulm qila oluvchilarni, ulamolarni har bir yozuvchi e'zozlaydi. Bilib-bilmay fatvo beruvchi, dardi tugun va tugun uchiga tugilgan pulda boʻlgan, Islom ilmidan uzoq odamlarni esa kamchiliklarini yozadilar. “Fargʻona tong otguncha”da ham shunday qilingan.

Kunlarning birida, hali juda yosh ekanimda mashq tarzida yozilgan navbatdagi hikoyamni yozib, togʻamga oʻqib berdim. Hikoya qahramoni – bokschi yigit buvisining gapiga kirib roʻza tutadi va oqibatda musobaqada yutqizib qoʻyadi. Odatda togʻam yozganlarim bilan tanishgach, asarni yaxshilash yoʻllari haqida gapirib, tilni tahlil qilib, kamchiligini koʻrsatar edilar. Bu safar unday boʻlmadi. “Sen dinni bilmaysan, diniy odatlarni yomonlab yozma”, deb gapni kalta qilib qoʻya qoldilar. Yozuv stollarida birgina chala ish qoldi. Aniqrogʻi, bu ish hali boshlanmagan edi. “Qizlar daftariga” kitobi chiqqach, yana xatlar oldilar. Shundan soʻng bir kuni “Yigitlarga ham aytadigan gaplarim koʻp ekan”, deb “Bunisi sizlarga, yigitlar!” degan kitob yozish niyatlari bor ekanini aytdilar.

Axloqiy qissalarga, maqolalarga, suhbatlarga koʻp hollarda maktublar asos boʻlardi. Axloqiy kitoblardagi voqealar toʻqib chiqarilgan emas. Undagi ayrim voqealarga men ham guvoh boʻlganman. Qarindoshlar, tanish-bilishlar oilaviy mojarolarni togʻamsiz hal etishmas edi. Bu mojarolarga aralashish, murosaga keltirish yozuvchiga ruhiy azob berardi. Qarindoshlardan birining qizi arazlab, qaytib kelgan ekan. Uzoq yoʻl yurib borib, jiyanning qaynotasiga uchradik. Qaynota ichishni yaxshi koʻrarkan. Biz borganimizda ham shirakayf edi. Kelindan, ya'ni togʻamning jiyanlaridan nolib, uni yomonlab, “kiyimlarimni yuvib bermaydi”, deb, da'vosining isboti uchun irkit koʻrpacha ostidan ishtonini olib, togʻamning oldiga tashladi. Togʻamning ba'zan oʻzlarini tutolmay, keskin gapirib yuborish odatlari ham bor edi. Men bu nodon qaynotaning koʻnglini ogʻritib, masalani yanada chigallashtirib qoʻymasalar edi, deb havotirlandim. Lekin oʻzlarini tutdilar. Koʻzlarini moʻltillatib, xuddi “bu ahmoqdan qutqar”, deganday menga qaradilar. Bunaqa odamni faqat doʻpposlab urib, tinchitish mumkin edi. U tinmay javrayverdi. Togʻam sabr bilan oʻtiraverdilar, ammo mening toqatim yetmadi. Chiqib ketdim. Yarim soatlardan keyin qaynota togʻamni kuzatib chiqdi. Sal kayfi tarqagan shekilli, gapi ohangi ham oʻzgaribdi. “Kelinim yomon boʻlsa ham sizning hurmatingiz bor, oʻgʻlimga aytaman, bugun borib olib keladi”, deb va'da berdi. Oʻzi mayxoʻr, qiliqlari xunuk boʻlsa ham, togʻamga bergan va'dasini bajardi.

Jiyanning bu baxti nimaning evaziga qoʻlga kiritilganini mengina bilaman. Bunday va bundanda battar hollar tez-tez boʻlmasa ham uchrab turardi. Xotini ketib qolgan bir yosh yozuvchi qaynonasiga togʻam bilan Shuhrat domlani roʻpara qilibdi. U xotin bularning yozuvchiligi u yoqda tursin, oppoq sochlarini ham hurmat qilmay, haydab solibdi...

Bunday mojarolardan keyin togʻamning achchiqlanganlarini sezib turardim. Ammo bu oddiy achchiqlanish emas, yurakni temir tirnoqlarida tirnovchi azob ekan. Bunday paytlarda togʻamni chalgʻitishga harakat qilardim. Togʻamning nimaga qiziqishlarini yaxshi bilardim. U kishi bogʻbonlikni xush koʻrardilar. Qibraydagi qarovsiz, toshloq joyning bir boʻlagi togʻamga ham dala-hovli uchun berilgandi. Toshloqda bir tup gul oʻstirish ham mumkin emasdi. Togʻam tuproq toʻkdirib, shu yerlarni obod qildilar. U yerga odam olib chiqib ishlatganlarini koʻrganim ham, eshitganim ham yoʻq. Qariliklariga qaramay u yoqqa yoʻlovchi avtobuslarda borardilar, oʻzlari ishlardilar. Bir termosda choy bilan non hamrohlari boʻlardi...

Biron mojaro ta'siridan ranjib oʻtirganlarida men oʻsha bogʻdan gap ochardim. Shunda togʻam butunlay oʻzgarardilar. Ekkan daraxtlarini ta'riflab ketardilar. Vafotlaridan ikki-uch yil oldin yarim asrdan oshiq umrlari oʻtgan Darxondagi uylari buziladigan boʻldi. U yerga har kuni borardilar. Yigʻlab-yigʻlab qaytardilar. Ayniqsa, payxon boʻlayotgan daraxtlarga achinardilar. Bu joylarga koʻp qavatli turar-joy qurilgach, shaharning qoq markazidagi toʻrt xonali shinam uylarini topshirib, shu yerdagi uch xonali uyga koʻchib keldilar. Uy yangi boʻlgani bilan harajatlari koʻp edi. Shu kunlarda Yozuvchilar soyuziga rais boʻlib saylangan Oʻlmas Umarbekov togʻamning ahvollarini surishtirib, “bu yil yozuvchilarga ajratilgan “Volga” avtomashinasini Mirza akamga bermoqchimiz”, dedilar. Men togʻamning mashina soʻrab ariza yozganlarini, navbatda turganlarini eshitmagan edim. “Navbatda turganlar sizni zambarakdan oʻqqa tutvorishmaydimi?” deb hazillashdim. Oʻsha yillari ayniqsa “Volga”ni talashib, ayrim yozuvchilar bir-birining ustidan magʻzava agʻdarishga ham tayyor turardilar. Oʻlmas aka gaplarida turib, qaror chiqardilar. Men yordamchilarini togʻamnikiga boshlab bordim. Ular xushxabarni aytishdi. Togʻam rahmat aytib, kulimsirab qoʻya qoldilar. Ular ketishgach, quvonmaganlari sababini soʻradim.
-Sening yoshingda boʻlsam quvonsam yarashardi, men bu mashinani nima qilaman? Har holda mashinani tekinga berishmasa kerak. “Togʻamning “Volga” sotib olishga yetadigan puli bor”, deb oʻylaysanmi?

“Volga” olish masalasi oila davrasida ham muhokama qilinganda togʻam oʻjarlik bilan rad etaverganlar shekilli, ular menga murojaat qilib, koʻndirib berishimni soʻrashdi. Oilaviy maslahatga koʻra, mashina qarzga olinib, soʻng sotilib, foydasiga uy ta'mirlanishi kerak edi. Men bu rejani aytib, baloga qoldim.
-Senam shu ahmaqona fikrdamisan? Qariganimda “mashina chayqovchisi” degan la'nat olib yurayinmi?-deb Oʻlmas akaga telefon qilib, e'tiborlari uchun rahmat aytgach, “shu mashinaga muhtojligi bor iste'dodli yozuvchilardan birini quvontiring, katta oʻgʻlimning “Moskvich”i bor, kunimizga shu asqotib turibdi”, dedilar.

Togʻam futbolga benihoya qiziqar edilar. Men kayfiyatlari yoʻqligini sezsam, tashvishli fikrlardan chalgʻitib, gapga solish uchun soʻzni futbol yangiliklariga burardim. Agar “Paxtakor”ning ahvoli durust boʻlsa xoʻp-xoʻp, yoʻqsa xuddi men trener yoki yetakchi oʻyinchiman-u, yutqiziq mening aybim bilan boʻlganday soʻkish eshitardim. Futbolni sport emas, ijod deb bilardilar. Talabni ham shu asosga qurardilar.

Shaxmatni ham yaxshi koʻrardilar. Ta'kid joizki, uncha-buncha odam togʻam bilan bellasha olmasdi. Ba'zan men ham shaxmat oʻynashni taklif etardim. Ahvolim oʻzimga ma'lum, durangni ham orzu qilmasam-da, togʻamni chalgʻitish uchun dona surardim. Togʻam buni sezsalar ham bilmaganga olar ekanlar.

Togʻam tabiatan sodda, kamtarin, mehnatkash odam edilar. Irodalari mustahkam, oʻjarliklari ham bor edi. Kimdir menga “Yozuvchi kamtar boʻlardi, tanlagan tahallusini qarang, “Mirza Kalon” - “Katta mirza” emish”, deb ta'na qilgan edi. Bu boʻlmagan da'vo. “Mirzakalon” tahallus emas, bobomning qoʻygan ismlari. Togʻamning “Men yozuvchiman!” deb kerilganlarini yoki birovga doʻq qilganlarini eslolmayman.

Menga faqat bir narsa taskin beradi: Mirzakalon Ismoiliy birovlarga qulliq qilib yashamadilar. Oʻz xalqining sodiq va vijdonli farzandi sifatida barcha uqubatlardan yuqori turdilar, vijdonlariga xilof ish qilmadilar. Ijodkorning eng buyuk baxti shu. Bu baxtga erishgan yozuvchi barhayot boʻlib qoladi.

Mirzakalon Ismoiliy shunday yozuvchi edi.

Yillar bu haqiqatni hali koʻp martalab isbot etadi.


Mazkur asarda xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻygan boʻlsak, bayonimiz zerikarli yoki qiziqarsiz chiqqan boʻlsa, siz azizlarning vaqtingizni isrof qilganimiz uchun avvalo Alloh huzurida tavba qilamiz va sizlardan uzr soʻraymiz. Yana bir uzrim borki, togʻamning hayotlaridan hikoya qiluvchi avvalgi maqolalarda “AQD” ning yili, “Undirkom” tafsilotida, oʻsha paytlarda arxivni toʻla oʻrgana olmaganim sababli, ozgina noaniqlikka yoʻl qoʻygan ekanman. Bu bayonda oʻsha kamchiliklarga barham berildi. Gʻoyibona uchrashuvimiz soʻngida duoga qoʻl ochib ulugʻ adib Mirzakalon Ismoiliy haqlariga, istiqlol ilinjida oʻtgan barcha millatparvar ustozlar haqlariga duo qilishlaringizni soʻraymiz. Vallohi a'lam, bissavob!

Foniy dunyo azoblarini koʻp totgan ustozni Alloh boqiy dunyoda doʻzax azoblaridan asrab, jannatda Oʻzining vasliga yetkazsin. Omiyn!


II- qism
 
Keyingi