OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Tohir Malik. Qasos (hikoya)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiQasos (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm24KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/24
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qasos (hikoya)
Tohir Malik

«
Nomussizlik gar ilashsa nikoh ipiga Ayol qalbi
shu qadar ham qonsiragayki, Topolmaysiz yer
yuzidan bunaqasini!
»

Dugonasi xushxabar aytib, suyunchi soʻradi.

Latifa buni eshitib, quvonishi lozim edi. Chunki, shu hol yuz berishini istab, Xudoga necha bor munojot etdi. Allohga iltijolarim yetib borarmikin, niyatimga yetmay oʻlib ketmasmikinman, deb qoʻrqib yurgan kezlari ham boʻldi. Nihoyat... ohlari Yaratganga yetib boribdi. Shu hol yuz bersa armonim qolmaydi, quvonchlarim dunyoga sigʻmay ketadi, deb oʻylardi.

Xushxabarni eshitib nimaga quvonmadi? Vujudiga nima uchun afsus toʻr yoya boshladi? Koʻngilga shodlik baxsh etishi lozim boʻlgan yangilikni yetkazgan dugonasiga nima uchun javob qaytarmay, jimib qoldi? Bu holati suyunchilab telefon qilgan dugonasigagina emas, hatto oʻziga ham noma’lum edi.
—Latif, eshityapsanmi?-dugonasi goʻshakning garang qulogʻini ochmoqchi boʻlgandek, bir-ikki qattiq pufladi.
—Eshityapman,-dedi Latifa siniq ovozda.
—Ering qoʻl-oyoqsiz, shol boʻlib qolibdi. Tili ham aylanmasmish. Xotini uyiga olib kelmay, kasalxonadan toʻppa-toʻgʻri qariyalar uyiga olib borib tashlabdi. Voy tavba-ya! O'ttiz besh yoshli yigitni ham qariyalar uyiga olaverishar ekanda-a? Eshityapsanmi?

Latifa eshitar, ammo dugonasining soʻzlarini durust anglamas edi. Goʻshakni asta joyiga koʻydi. Barmoqlari titrayotganini oʻzi sezmadi - derazaga orqa qilib oʻtiruvchi Ma’suma sezdi. Toʻgʻrida oʻtiradigan, Latifaga tez-tez oʻgʻrincha qarab qoʻyadigan Sodiqjon ham sezdi. Latifa haykal holiga kirgan edi. O'ziga dam-badam qarab qoʻyayotgan nigohlarni sezmasdi. Uni chuqur oʻyga botdi, deb ham boʻlmaydi. U hech nimani oʻylamas, boshi gʻovlab, boʻshab qolganday edi. Sodiqjon «Ahvolini soʻrab, bilsangiz-chi?» degan ma’noda Ma’sumaga koʻz tikdi. Ma’suma bu qarash zamirida qanday maqsad yashiringanini sezsa-da, sezmaganday oʻtirdi. U begʻamligi uchun semirganmi, yo semirib soʻng begʻam boʻlib qolganmi - bunisi Yaratganga ma’lum, har holda hech bir ishda shoshilmaydi. Mana shu odati ba’zan kulgiga sabab boʻlardi, ba’zan esa hamxonalarining yuraklari tars yorilib ketay derdi. Sodiqjon hozir shu holga tushdi. Tomogʻini qirib, yana unga qarab qoʻydi. Ma’suma qogʻozlarini titib, nimadir qidirdi. Shundan soʻnggina Latifaga qaradi:
—Latifa, oldingi oyning hisobotidan sizda qolmaganmi? Qurib ketgurni qayoqqa qoʻyganimni bilolmayapman.

Bu savol Latifani karaxtlik domidan ozod qildi. Lekin Ma’sumaning gapini darrov anglay olmadi. Ma’suma esa uning ahvolini sezmagandek gapiraverdi:
—Bugun mudirimiz chap yoni bilan turganmi, ertalabdan beri menga mingʻirlaydi. O'tgan oy hisobotini qayta koʻrib chiqing, deydi. Bir nushasini sizga bermabmidim?

Latifa endi unga ajablanib qaradi - ertalab ham shuni soʻrovdi. «Esi ogʻib qolganmi, nima balo?» deb oʻyladi-da, qisqa qilib: «yoʻq», dedi. Ma’suma Sodiqjonga qaradi. Uning begʻam boquvchi koʻzlaridan: «Farosatingiz bormi, chiqib tursangiz-chi», degan ma’noni uqqan Sodiqjon qoʻliga ilingan bir varaq qogʻozni olib, oʻrnidan turdi. U chiqib ketishi bilan Ma’suma Latifani savolga tutdi:
—Tinchlikmi, Latifa, yomon gap eshitmadingizmi, ishqilib?

Latifa unga yalt etib qaradi. «Qanday sezdi, bu begʻam? Birdan oʻzgarib ketdimmi?»
—Tinchlik... dugonam sal hovliqmaroq... Bir tanishim kasal ekan... shunga...
—Ha-a... Endi issiq jon, bir kasal boʻladi, bir tuzaladi. Choynakni qoʻyib yuboring, choy ichadigan vaqt boʻldi.

Elektr ulagich kitob javonining panasida, Latifaning shundaygina yon tomonida edi. Shu sababli xonada choyxonachilik vazifasini hammavaqt beminnat bajarsa-da, bu safar malol keldi. Choynakni tokka ulab, oʻrnidan turdi-yu, dahlizga chiqdi. Ma’suma uning izidan ma’nodorqarabqoldi.

Dahlizdagi deraza oldida Sodiqjon bir varaq qogʻozni buklab ushlagan holda turardi. Latifaning chiqishini kutmagani uchun nima deyishini bilmay, taraddudlandi.

Sodiqjon bilan Latifa tengdosh, institutda birga oʻqishgan. Talabalik yillaridayoq bir-birlariga mayllari boʻlgan, lekin taqdir yoʻrigʻi degandek, turmush yoʻllari ayri-ayri tushdi. Ular bir-birlarini yoqtirar edilar. Ammo bu yoqtirish ota-ona istagiga qarshi isyon koʻtara oluvchi qudratga, aniqroq aytilsa - muhabbat darjasiga yetmagan edi. Oldinma-keyin boʻlib oʻtgan toʻylaridan soʻng, ayniqsa, oilalarida noxushliklar yuzaga kelgan damlarda bir-birlarini qoʻmsardilar. Biroq, bu qoʻmsash kapalak umri misol uzoqqa yetmas edi. Har ikkovi bir-biriga boʻlgan munosabatni koʻp oʻylashardi: «Uni yoqtirganim holda nima uchun hamma narsadan shartta voz kechib, U bilan birga boʻla qolmayman?» degan uncha murakkab boʻlmagan savolga qariyb oʻn yildan beri javob topisha olmas edilar. Yoshlik hislari asta soʻnib, turmush nomli daraxtning achchiq mevalaridan toʻyib-toʻyib yegach, bu savol chigali yechila boshlanadi. Oralaridagi tuygʻu toʻshakka yetaklovchi muhabbat emas, balki turmushning tikanli yoʻllarida madad berguvchi mehr ekanini anglab yetadilar. Unga qadar esa bu tuygʻu nima ekanini bilmay qiynaladilar, atrofdagilar esa ularning munosabatlarini boshqacha talqin qilaveradilar. Toʻgʻri, Latifa eri bilan ajralishgach, Sodiqjon uni bir-ikki marta kinoga taklif qildi. Latifa oʻn uch yoshli qizaloq emaski, bu takliflarning ma’nosini anglab yetmasa. Avval gapni hazilga burdi. Taklif takrorlanavergach:
—Siz meni ersiragan shaloq xotin deb oʻylayapsizmi?-deb dangal aytdi.

Sodiqjon bu javobni eshitib, dovdiradi. Toʻgʻri koʻngilda ekanini aytib, oʻzini oklamoqchi boʻldi. Shunisi ortiqcha edi. Chunki juvonning javobi taklifga yarasha boʻlgan edi. Sodiqjon shundan soʻng oʻzini tiydi. Lekin: «Roʻparangga qara, bu mahliqoning eri yoʻq, oʻzi yoshgina boʻlsa, ersiz qiynaladi. Senga oʻsha gapini bir aytdi-qoʻydi-da. Unga qarab-qarab, koʻzingni uzma. Koʻzlaring bilan uni oʻzingga rom qilib ol!» deb vasvasaga soluvchi shaytonni haydab yubora olmas edi. Ba’zan esa oʻyga tolardi: «Shuncha paytdan beri ersiz yurib koʻnikdimi yo bitta-yarimta bilan pinhona don olishib yurganmikin?» Shu fikr uygʻongan damdayoq tomogʻiga gʻazab oʻti bostirib keladi. Xayolidagi oʻsha mavhum xushtorni boʻgʻib oʻldirgisi keladi. O'zicha «Kim boʻlishi mumkin u maraz?» deb, tanishlarini bir-bir koʻz oldiga keltiradi. Latifa jilmayib gaplashib turgan erkaklarni shubha ostiga olaveradi. Xullas, Latifa eridan ajralishganidan keyin necha yil oʻtgan boʻlsa, shuncha yil Sodiqjon shu holda kuyadi. Hozir dahlizga chiqib turganida ham xayoli shu tomonga bir ogʻdi. Latifaga gapirolmay qolgani ham shundan. Latifa uning nima uchun chiqib turganini bilsa ham, oʻzini bilmaganga oldi:
—Choy qoʻydim,-dedi hotirjam ovozda.
—Yomon xabar eshitdingizmi?-dedi Sodiqjon, uning koʻziga tik qarab.

«Yomon xabarmidi?-deb oʻziga oʻzi savol berdi Latifa.-Chindan ham nima bu - yomon gapmi yo xushxabarmi? Nima uchun oʻzgarib ketdim. O'zgarganimni bular ham sezishibdi...»

—Nimaga yomon xabar? Shunchaki bir gap,-dedi Latifa osoyishta ohangga koʻchib.
—Birdan gʻalati... boʻlib qoldingiz?
—Boshim ogʻriyapti. Magnit boʻroni kuni emasmi bugun? Men keta qolay, choyga oʻzingiz qararsiz.

Latifa shunday deb ichkari kirdi-da, stoli ustini yigʻishtirishga ham toqat qilmay, Ma’suma bilan xayrlashib, sumkasini olib chiqdi.

Xonaga qaytib kirgan Sodiqjonni Ma’sumaning ma’nodor qarashi qarshi oldi.

Latifa xayolini chalgʻitish uchun bir oz piyoda yurmoqchi boʻldi. Xarid qilish niyati boʻlmasa-da, yoʻlida uchragan doʻkonlarga ham kirib chiqdi. Yonma-yon yurgan er-xotinni koʻrdi deguncha, koʻz oldida eri gavdalanib, yuragi siqilaverdi. Bunday noxush holatdan chiqishning birdan bir chorasi - uyga borish edi.

Qoʻshni imoratlarga nisbatan koʻrkamroq qilib solingan, bolaligi oʻtgan, baxt ilinjida «yor-yor» bilan tark etib, soʻng ikki oʻgʻil bilan qaytib kelgan uy bu onda koʻziga shumshuk boʻlib koʻrindi. Akasi kuyovining xarom-xarishdan qaytmas odam ekanini bilib, uni sharmanda holida oʻz koʻzi bilan koʻrgach, Latifani oʻsha kuniyoq koʻchirib kelgan edi. O'gʻlining kattasi endigina atak-chechak qilayotgan edi. Kichigi tugʻilib, tugʻruqxonadan uyga ketish uchun ijozat tekkan kun edi. Kuyov boʻlmish Tolib ularni ancha kuttirdi. Kelavermagach, akasi, yangasi Latifani uyga boshlab borishdi. Borishdi-yu... Tolibning maishati ustidan chiqishdi. Latifa ostona hatlab ichkari kirmadi. Ajrashayotgan paytda sud uch xonali uyning ikki xonasini unga xatlab berganda ham haqqidan voz kechdi. Aniqrogʻi, akasi oldirmadi. «Nahs bosgan uy oʻziga buyursin», dedi. Ana oʻshandan beri Latifa shu uyda. O'gʻillari togʻasini «opoqdada» deyishadi. Latifaning baxtiga «adam qanilar?» deb soʻrashmaydi. Otadan olishi kerak boʻlgan mehrni togʻadan olgani sababli soʻramasalar kerak. Ba’zan Latifa «nega soʻrashmaydi?» deb achchiqlanadi. Hozir boʻlmasa ham keyinroq borib soʻrashlarini biladi. Oradan yillar oʻtib, soʻrashganida nima deb javob beradi? «Otang xotinboz edi, shaloq edi, shuning uchun ajrashib ketganmiz» deydimi?.. Latifa kelajakda sodir boʻlajak mana shu manzaradan qoʻrqadi. Ota-onaning qilmishiga farzand bir kunmas-bir kun hukm chiqaradi. Qanday boʻladi bu hukm? Kim aybdor deb topiladi? Er-xotin ajralishib ketaverishadi. Unisi boshqaga uylanadi, bunisi boshqasi bilan turmush quradi. Bola esa oʻzicha ulgʻayaveradi. Bola ulgʻayib kim boʻlib yetishganidan qat'i nazar, hukmni oʻqiydi. Xudo oʻz jazosini ana shu farzand hukmiga jo qiladi. Latifa shu jazodan qoʻrqadi.

Qoʻrqishiga esa sabab bor. Ularning idorasida Zebi kampir degan farrosh boʻlardi. Chetdan qaragan kishi supurgini koʻtarolmay yiqilib tushsa kerak, deb oʻylardi. Zebi kampir qorni ochligi uchun emas, uydan nariroq - odamlar orasida yurish uchun ham ishlardi. Boshqa farroshlar ishlarini barvaqt bajarib ketishardi. Zebi kampir esa kechgacha idorada boʻlardi. Bir kuni Zebi kampir Latifaga xasrat dasturxonini ochgan edi. Uning birinchi eri mamlakatda quloqlarga qarshi kurash boshlanganida bola-chaqam sarson boʻlmasin menga qoʻshilib, degan maqsadda xotiniga taloq xati bergan edi. Zebi ikki oʻgʻli bilan qolgan edi oʻshanda. Eri dom-daraksiz ketdi. O'ldimi yo boshqa oila qurdimi, hech kim bilmaydi. Bu orada ocharchilik boshlandi. Zebi ikki goʻdagini boqolmas edi. Ochlikdan oʻlib qolishmasin, deb ularni yetimxonaga berdi.Soʻng insofli bir odam bilan turmush qurgach, oʻgʻillarini yetimxonadan qaytarib oldi. Ikkinchi eri bolalariga oʻgaylik qilmadi. To urushga ketguniga qadar ularga ola qaramadi. Taqdir ekan. U ham urushda izsiz ketdi. Zebi boshqa turmush qurmadi. Ammo «sen bizni yetimxonaga topshirgansan», degan la’nat tamgʻasi bir umr koʻkragiga urildi. Bu tamgʻa shu kungacha ketmaydi. O'gʻillari nabira koʻrishgan boʻlishsa-da, onaning oʻsha qilmishini kechirishmaydi. Zebi kampirning nabiralari ham unga nisbatan bemehr boʻlib ulgʻayishdi.

Kampir shundan kuyar edi. U xasrat qilardi, ammo oʻgʻillarini ayblamasdi. Hamma aybni oʻziga olardi. «O'shanda ahmoklik qilganman. Bolalarimning rizqini Xudoning oʻzi berardi!»-deb oʻziga la’nat oʻqiydi. Zebi kampir tamom kuchdan qolgach, idora ahli bamaslahat holda uni qariyalar uyiga olib borishdi. Kampirning oʻgʻillari bu tadbirga monelik qilmadilar. O'tgan yili Zebi kampirning qazosi yetganida uni idora ahli dafn etdi. O'gʻillariga xabar berishni lozim topishmadi.

Latifa Zebi kampirni koʻp eslaydi. Eslaganda yuragi gʻalati boʻlib ketadi. Dugonasi: «Shunday yuraverasanmi, oʻgʻillaringni akang boqmasa, bolalar uyiga berginu boshqa erga teg!» deganida tanasidan joni chiqib ketay dedi. Bir necha kun davomida yursa ham, tursa ham Zebi kampirning mungli nigohi uni ta’qib qildi. Rostdan ham bolalarini yetimxonaga topshirganday, oʻgʻillari chirqillab yigʻlayotganday tuyulaverdi. Tushlariga Zebi kampir kirib: «Men nima uchun senga oʻz dardimni aytgan edim? Mening taqdirimdan ibrat olmadingmi?»-deb savolga tutaveradi.

Hozir uyi ostonasiga qadam qoʻyayotganida nima uchundir yana oʻsha holni esladi.

Darvoza ochiq, ammo hovlida hech kim yoʻq edi. Latifa hovli etagidagi oldi peshayvon uyga qarab yurdi. U eri bilan ajralishgach, ota-onamning jonlari uzilgan joy, deb shu uyda yashash istagini bildirgan edi.

Ostona hatlab ichkari kirishi bilan sal yengilroq tortganday boʻldi. Kiyimini almashtirmagan holda taxmon poyiga toʻshalgan koʻrpachaga yonboshladi. «Menga nima boʻldi oʻzi?-deb oʻyladi u.-Unga achindimmi? U kim menga? Shiltasi chiqib yura-yura shu taqdirni topibdi. Battar boʻlmaydimi? Nega gʻalati boʻlib ketdim?..»

Latifa bu savolining javobini yaxshi bilardi. Bilsa-da, tilga chiqarish u yoqda tursin, xayoliga keltirishni ham istamasdi.

Ikkinchi oʻgʻliga boshqorongʻi boʻlib yurgan kezlari eri bilan gʻijillashib, «uyimga ketaman», deb poʻpisa qilganida Tolib: «ketsang ketaver», deb osongina javob bergandi. Latifa toʻngʻichini olib, uyiga keldi. Erini ikki kun kutdi. Arazlab kelganini akasidan yashirdi. «Kuyovingiz safardalar», deb aldadi. Uchinchi kuni uyiga borsa, Tolib bittasi bilan hiringlashib oʻtiribdi. «O'zing ketding, nima, men pensioner cholmanmi indamay oʻtiraveradigan», deb aybni Latifaning oʻziga agʻdarib qoʻya qoldi.

Latifa alamini yigʻidan oldi. Dardini sovuq devorlarga aytdi. Uyiga oʻt qoʻygisi keldi. Bir oz ovungach, ular yotgan oʻrin-koʻrpani yigʻishtirdi. Qoʻllari najasga tekkandek irgandi. Bu koʻrpani onasi rahmatli oʻz qoʻllari bilan qavib bergan edi. Shuni bulgʻanishiga sira chiday olmadi. Yarim tunda koʻrpa, choyshab, yostiqlarni olib, toʻrt qavatli uy etagidagi axlatxonaga olib borib, yoqib yubordi. Nazarida oʻt butun iflosliklarni kuydirib yuborganday boʻldi. Afsuski, hatto olovning ham bunga qurbi yetmas ekan.

Ana oʻshanda dilida bir alam vulqoni portlagan edi. Ana oʻshanda ilk marta Yaratganga yalingan edi: «E Xudoyim, xaromdan qaytmagan bu baloyingning qoʻl-oyoklarini shol qilib qoʻygin. Ana oʻshanda men bir erkakni boshlab kelayinda, uning shundaygina koʻz oʻngida gunohlarga botayin. Bu gunohim uchun keyin qanday jazo bersang ham roziman!» deb edi. Alam ustida xayoliga kelgan bu nidoni eslaganida ba’zan oʻzidan oʻzi uyaladi, ba’zan esa nafratlanadi. «U past ketsa, men ham past ketayinmi?» deb oʻylaydi. Lekin bu qasos nidosidan butunlay voz kechkisiham kelmaydi.

Mana, nihoyat, u shol boʻlibdi. Endi nima qiladi? Qasamini amalga oshiradimi?

Shu fikr xayoliga urilib, vujudi kirlanib ketganday boʻldi. Xuddi oʻsha oʻrin-koʻrpani yigʻayotganda irganganday oʻzidan oʻzi irgandi. Qaddini koʻtarib, oʻtirib oldi. Quloqlari shangʻilladi. Ikki chakkasiga kaftlarini bosib, koʻzlarini yumdi.
—Latifaginam, senga nima boʻldi?

Ovozni eshitishi bilan yuragi qinidan chiqib ketay dedi. Koʻzlarini shart ochib, derazaga taqab qoʻyilgan karavotga qaradi. Onasi to joni uzilguniga qadar oʻsha yerda yotardi. Bu karavot hozir Latifaning yotar joyi. Onasi uni erkalaganida «Latifaginam» derdi. Latifa ota uyiga qaytib kelganidan beri onasi bilan tez-tez gaplashadi. Xayolan boʻladigan bu suhbatlar ba’zan tongotargacha davom etadi. Bu suhbat mazmuni faqat oʻziga-yu, Yaratganga ayon. Ba’zan toʻngʻich oʻgʻli uygʻonib qolganida oʻzi yerda oʻtirib, boshini karavotdagi yostiqqa qoʻyib olgan onasiga ajablanib qarab turadi. Bir-ikki marta choʻchibgina «oyijon», deb chaqirganida Latifa indamagach, «shunaqa oʻtirib uxlashni yaxshi koʻradilar», degan toʻxtamga kelib, e’tibor bermay koʻygan.
—Latifaginam, senga nima boʻldi?

Latifa beixtiyor ravishda karavot sari surilib keldi. Boshini yostiqqa astagina qoʻydi xuddi onasining yuzlariga yuzini qoʻyganday boʻldi. Deraza darchasidan ufurgan yel sochlariga urildi - xuddi onasi sochlarini silaganday boʻldi.
—Nima boʻlganini oʻzim ham bilmayman. Anavini... qargʻagan edim... qargʻishim uribdi - shol boʻlibqolibdi.

Latifa shunday deb pichirladi-da, jim boʻldi.
—Yuragingdagi gapni aytmayapsan?
—Yuragimdagini... Men qasam ichganman, bilasiz. Endi qasos olishim kerak.
—»Al qasosul minal Haq!» Qasos –Haqdandir. Xudo urib qoʻyibdi-ku? Shuning oʻzi kifoya unga.
—Yoʻq, yetmaydi, oyijon. Hozir uning jismi ogʻriqda. Ruhi-chi? Qilgan ishlaridan pushaymon yeyaptimi? Yemaydi. Tavba qilishga uning fahmi yetmaydi. Fahmi yetganida bolalari tugʻilgan uyga ifloslarni boshlab kelmas edi. Men uning ruhiga xanjar sanchishim kerak. Oyijon, qiynalib ketdim. Agar shunday qilmasam, yo jinni boʻlaman yo yuragim yorilib oʻlaman.
—Nimaqilmoqchisan?
—Oldiga boraman.
—Keyin-chi?
—Sodiqjon bilan birga boraman. U meni yaxshi koʻradi. Nima desam shuni qiladi.
—Sodiqjonning oilasini buzmoqchimisan? O'zingning yetimlaring kammi? Yoʻq, bolam, meni tinch yotsin, desang...
—Oilasini buzmayman. Faqat bir marta. Keyin ishdan boʻshab ketaman. U bilan umuman koʻrishmay qoʻyaman. Sodiqjon bilan birga boʻlganimni u koʻrsin. Alamdan yonsin, kuysin. Koʻrib turib oʻlib qolsa ham mayli. Oyijon, buni faqat uch kishi biladi: men, Sodiqjon va u...
—Xudo-chi?
—Xudo yalinishimni bajardi, men uchun uni shu holga soldi, endi bu ishimni ham kechiradi.
—Kechirmaydi, bolam, kechirmaydi.
—Jon oyi, yoʻlimni toʻsmang. Hayotimda bir martagina oʻzim uchun qasos olay. Keyin odamga oʻxshab yashay...

Onasi javob bermadi. Ogʻir xoʻrsindi. Latifaning nazarida tepasida qora bulut toʻplanayotganday tuyuldi. Bulut uni asta bagʻriga ola boshladi...

«Hoziroq Sodiqjonga telefon qilaman. Qariyalar uyiga borib tursin. Keyin birga kiramiz uning oldiga...» deb oʻyladi.

...bulut uni girdobiga chirmayverdi, chirmayverdi...

Agar hozir telefon qilmasa, ahdidan qaytib qolishi mumkin edi. Ishi oʻngidan keldi -telefonni Sodiqjonning oʻz koʻtardi. «Hozirning oʻzida qariyalar uyiga kela olasizmi?»deb soʻradi. Sodiqjon «xoʻp», dedi, «nimaga?» deb lanjlik qilmadi. Uning shu odati yaxshi. Latifa nima desa koʻnadi.

Latifa yengsiz harir koʻylagini kiydi. Lablarini boʻyadi. Koʻzlariga surma tortdi. Kam ishlatadigan oʻtkir hidli atirni sepdi. O'zini oyogʻi yengil ayol kepatasiga keltirishga harakat qildi. Toshoynaga qarab, oʻzidan oʻzi nafratlandi. Soʻng: «Shunday boʻlgani yaxshi. U ham meni koʻrib nafratlansin, yonsin, kuysin!» deb oʻziga oʻzi tasalli berdi.

Sodiqjon uni tanimaganday, ajablanib kutib oldi.
—Mendan hech narsa soʻramang. Yordam bering menga. Keyin soʻz bering, yoʻq, qasam iching: bugungi ishni darrov unutasiz. Xuddi tush koʻrganday boʻlasiz.
—Ozgina boʻlsa ham tushuntiring.
—Tushuntira olmayman. Men nima desam shuni qilasiz. Biz... er-xotin boʻlishimiz kerak... Faqat bir odam guvoh boʻladi bunga.
—Tushunmadim?
—Tushunmasangiz ham sababini soʻramang. Yana soʻraydagin boʻlsangiz... keta qoling...

Sodiqjon «ilojim qancha» deganday yelka qisdi. Latifa uni qoʻltigʻidan olib, qariyalar uyiga boshladi. Tolibni darrov topishdi: bir kishilik xonada ekan - ayni muddao! Bosh tomoni koʻtarib qoʻyilgan karavotda Tolib shiftga tikilib yotibdi. Eshikning gʻijirlashini eshitdimi yo Latifadan taralayotgan atir hidi dimogʻiga urildimi, boshini burib qarashga harakatqildi.

Latifa Sodiqjonning qoʻlidan ushlab, uning roʻparasiga oʻtdi. Ularni koʻrgach, Tolibning koʻzlari pirpiradi. Soʻng mijjalaridan yosh sizib chiqdi. Nimadir demoqchi boʻldi - tili aylanmadi. Unga Latifaning rahmi keldi. Qasos olishdan voz kechib, chiqib ketmoqchi ham boʻldi. Ammo qandaydir kuch uni ushlab qoldi. Tolibga tikilib turib, boshini Sodiqjonning yelkasiga koʻydi. Keyin uni iyagidan ohistagina oʻpdi-da, «Meni quchoqlang», deb shivirladi. Sodiqjon uni quchishga koʻpdan beri orzumand boʻlsa-da, bu amrni bajarishga darrov jur'at eta olmadi. Buni sezgan Latifa: «Ishni buzib koʻymasa edi», degan oʻyda uning pinjiga kirib, labiga lab qoʻydi. Tolib oʻkiriqqa oʻxshash bir ovoz chiqardi. Latifa sumkasidan roʻmolchasini chiqarib, Sodiqjonning labboʻyoqdan qizargan labini artdi...

...Tolib xuddi boʻgʻizlanayotgan buqadek oʻkira boshladi...

...mana shu oʻkiriq Latifani chirmab turgan qora bulutni haydadi.

Latifa garang holda boshini koʻtardi: qoʻshni hovlida och qolgan buqa yana oʻkirdi.

«Uxladimmi? Tush koʻrdimmi?» deb ajablandi Latifa. Soʻng oʻrnidan turib, beixtiyor telefon yoniga keldi. Barmoqlar tanish raqamlarni terdi. Goʻshakdan Ma’sumaning «alyo» degan begʻam ovozi keldi. Latifa goʻshakni joyiga koʻyib, uf tortdi.

Kechki ovqat paytida akasi unga savol nazari bilan qarab-qarab qoʻydi. Bolalar televizor koʻrgani mehmonxonaga kirib ketishgach: «Senga nima boʻldi?» deb soʻradi. Latifa yashirib oʻtirmadi: Tolibga nima boʻlganini aytdi.
—Battar boʻlsin,-dedi akasi.-Qariyalar uyidan ham chiqarib tashlash kerak. Axlatxonalarda yotib, itdek xarob boʻlib, oʻlib ketishlari kerak bunaqalar...
—Voy, qoʻying adasi,-dedi yanga.-Birovga bunaqa oʻlim tilamang. U ham Xudoning bir bechora bandasi...
—Sen gapirma! Bunaqa bandaga ming la’nat boʻlsin!-Akasi shunday dedi-da, achchiqlanib, oʻrnidan turib ketdi. Latifa ham oʻrnidan turib, uyiga chiqdi. Dam oʻtmay izidan akasi kirdi. Yangasi qisqa muddatli odob darsini oʻtganmi, har holda akasining shashti bir muncha past edi.
—Iztirob chekayotganingga qaraganda, uni borib koʻrmoqchiga oʻxshaysan. O'zingni tut. Senga maslahatim - borma. Endi nima koʻrgiligi boʻlsa koʻraveradi. Nimani ekkan boʻlsa, oʻshani oʻrib olaversin...

Latifa tunda uxlay olmadi. Goʻyo katta gulxanning soʻnib ulgurmagan choʻgʻlari uzra oyoqyalang zir yugurgandek boʻldi. Ertalab bolalarini akasi bogʻchaga olib ketdi. Keyin yangasi eshikni qiya ochib, ichkariga qaradi:
—Latifa, men ketyapman, gapingiz yoʻqmi?

Yanga Latifaga gʻoyat mehribon boʻlsa-da, bunday deyish odati yoʻq edi. Latifa hozir uni yanada yaxshi koʻrib ketdi.
—Kennayi... borib kelmasam boʻlmaydi. Har holda... shu bolalarning otasi...
—Mayli, boring, keyin armon boʻlib qolmasin.
—Birga boraylik...-dedi Latifa yalingan ohangda.

Yangasi koʻndi. U qayinsinglisining odatini yaxshi bilgani uchun ham ishga ketishdan avval uyiga moʻralagan edi.

Ular qariyalar uyiga borib, koʻp asabiylashganidan yuzlarini ajin bosib, tirishib ketgan ellik besh yoshlardagi boshliqqa roʻpara boʻlishdi.
—Uning hech kimi yoʻq, deyishgan edi-ku?-dedi boshliq, tajanglik bilan.
—Ha, shunaqaroq,-dedi yanga.
—»Shunaqaroq» deganingiz nimasi?
—Shunaqaroq deganimki... qarindoshlari bilan bordi-keldini uzib yuborgan.
—Siz kimisiz unda?
—Bu singlim uning birinchi xotini boʻladilar.

Boshliq «hm» deb Latifaga qovoq uyib qaradi.
—Tashlashga tashlab ketib, endi eslariga keldimi?

Bu gap Latifaning boshiga gurzi boʻlib urilib, koʻz oldi qorongʻilashib ketdi. Yaxshiyamki yangasi bilan birga kelgani, boʻlmasa, holi nima kechardi - noma’lum.
—Bu nima deganingiz, sal oʻylabroq gapiring gapingizni. Kim kimni tashlaganini avval biling. Odamgarchilikning koʻchasidan oʻtganmisiz oʻzingiz?

Boshliq stol ustiga shapatilab urib qoʻydi.
—Boʻpti, boraveringlar. O'n yettinchi xonada u. Olib ketmoqchi boʻlsangiz yana oʻzimga uchrasharsiz.

Xonadan chiqish paytida yanga orqasiga oʻgirildi:
—Rahmat, xayr, sizga uchrashadigan boshqa ishimiz yoʻq.
—Siz birpas qoling, gapim bor, - dedi boshliq uni toʻxtatib. Latifa nari ketgach, oʻrnidan turdi-da, yangaga yaqinlashib past ovozda dedi:-Olib ketganingiz yaxshi. Vrach uzoq yashamaydi. deyapti.

Yanga unga javob bermadi.

Latifa «boshliq nima dedi?» deb soʻramadi.

U qariyalar uyiga uch oy qatnadi.

Soʻng... qora kiydi.