OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

3 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiSalomat boʻlsinlar, doktor! (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/05
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Salomat boʻlsinlar, doktor! (hajviya)
Tohir Malik

«
Bu oʻlimtuk mish-mish jon taslim qilmay turib tanishib olayluk
»

Yoʻqqulobodning qadim tarixida boshi ogʻrigan odam shifo umidida tabibga borsa, tabibi bilan hisob-kitob qilganidan keyin yurak ogʻrigʻini ham orttirib chiqarkan. Bu bir mish-mish deysizmi? Unda yana bir mish-mishni eshiting. Yoʻqqulobodning shimoli-sharqida joylashgan Teskariobod tomonda Toshbaqaobod degan qishloq joylashgan. Ana oʻsha yerda yashovchi Bevoshqul otaning kasalxona bosh vrachini tavbasiga tayantirganini birov eshitgan, boshqa birov esa bexabar. Aslida Bevoshqul ota soppa-sogʻ edi. Shu yoshga kirguniga qadar doʻxtir deganiga ishi tushmagan. Shu qish ikkki marta aksirgan edi, katta oʻgʻli tushmagurning mehri joʻshib ketdimi, «ota, siz ham boshqalarga oʻxshab yoti-ib bir davolaning», dedi. Bevoshqul ota: «Kasalxonaga yotmasam odam qatoridan chiqaman shekilli, bolalarim yana «otasini kasalxonaga yotqiza olmayapti ekan», degan malomatga qolishmasin», deb, koʻna qoldi. Ammo oʻgʻli tushmagur hadeganda yoʻllanmani olavermadi. Bevoshqul ota bu yoʻldagi sarsongarchilikni qaerdan bilsin? Sarsongarchilik nimaligini Yoʻqqulobdodda juda koʻpchilik bilmaydi. Sarsongarchilik – yoʻqqulobodliklar tili bilan aytganda, bu yoʻlda ozgina chiqim qilish. Chiqimsiz mushuk ham oftobga chiqmaydigan boʻlib qolganini bilmaydigan odam uyida turshak shimib, na’matakning qaynatmasini ichib oʻtiravergani durust-da. Katta oʻgʻil ham uyatchan-da, «ota, uch oylik maoshimni olsam, kasalxonaga yoʻllanma ham unib qolardi. Ungacha koʻrpacha qatiga yashirgan pensa pullaringizni chiqarib turing», demadi. Bevoshqul ota tushunardi, asli mard emasmi, «sen uch oylik maoshingni kutayotgan boʻlsang, menam ikki oylik pensamdan hali umidimni uzganim yoʻq», deb oʻtirmasdan, nosdan orttirgan pullaridan shart chiqarib berardi. Oxiri shunday boʻldi ham, katta oʻgʻil aytdi, koʻrpacha qatidagi pul chiqarildi Yoʻllanma qoʻlga tegdi. Bevoshqul ota ham odam qatoriga qoʻshilib, kasalxonaga yotqizildi. Doʻxturlar birin-sirin kirib, otaning hurmatini joyiga qoʻyib: «Nima kasalingiz bor?»- deb soʻrashdi. Bevoshqul ota «nima kasalim borligini oʻzing topmaysanmi?»-deb oʻtirmay, «Toʻrt yil oldin oʻlib bergan kampirimni sogʻinishdan boshqa kasalim yoʻq»,-deb qoʻya qoldi. Shu-shu doʻxtirlar Bevoshqul otaga yoʻlamay qoʻyishdi. Ota «Bu doʻxtirlarda kampirni sogʻinish kasaliga dori yoʻq ekan-da?»-deb yotaverdi. Keyin ziyraklik bilan kuzatib qarasa-ki, doʻxtirlar kirib, quyuq salom berishganda, u quruq alik olgan ekan. Bilsa-ki, tuzalishni istagan kasal doʻxtirning salomiga boshqacha alik olishi zarur ekan. Astoydil duo qilish, yurakdan chiqarib rahmat aytish hisobga oʻtmas ekan. Rahmat deganlari choʻntakdan chiqishi shart ekan. Doʻxtirlarning bilgani bilgan. Agar ular bozorga borib: «Bevoshqul bobo menga bir tonna rahmat aytdilar, deyishsa, birov bir misqol goʻsht berarmidi?» Bevoshqul ota ziqna emas. Aqli kirgandan keyin u ham rahmatni choʻntakdan chiqarib, aytib turdi. Dorining hilma-hilini yozib berishdi-yu «bunaqa dori kasalxonamizda yoʻq, oʻgʻlingizga ayting, topib kelsin», deyishdi. Baraka topgurlar, kasalxonaning shunday biqinida dorixona ochib qoʻyishgan ekan, oʻgʻli qidirib, sarson boʻlmadi. Yana baraka topishsin, ilgarilari kasalxonaga yotgan odamni yigirma toʻrt kun davolashardi. Hozir ikki haftada mixday qilib yuborishyapti. Shunisi ham durust. Yigirma toʻrt kun yotgan odam rahmat aytaverib, oxiri oʻlimligiga asrab yurganini ham shu yerga tashlab ketarmidi... Ikki hafta deganda Bevoshqul ota ham uyiga ketadigan boʻldi. Narsalarini tugib, oʻgʻliga «uydagi aravani olib kel», deb tayinladi. Keyin oʻzi yotgan karavotini koʻtartirib, aravaga ortayotgan edi, bosh vrach hay-haylab kelib qoldi.

-Kasalxonangga yotgʻizish uchun oʻgʻlim pul toʻlagan ekan. «Bitta koyka falon soʻm»,- degan ekansanlar. Oʻsha pulni toʻlaganman. Endi shu koykang meniki boʻladi,-dedi Bevoshqul ota oʻjarlik bilan. Bosh vrach yalingan edi Bevoshqul ota: «Mening bu yerda yotishim ham, dori-darmon ham tekinligini bilasanmi?»- deb soʻradi. Soʻng hisob-kitobni boshladi: barmoqdan qon olishga hamshirangga shuncha rahmat puli, tomirdan qon olishga muncha, dumbaga igna sanchishiga yana buncha, klizma degan palakating bor ekan, unga ham shuncha, hojatxonangga koʻp toʻlamay deb ikki kunda bir kiradigan boʻlib qoldim... yaxshiyam kasalxonangda oʻlib bermadim, jagʻimni bogʻlashga pulim yetmasa, ogʻzimni lang ochib, chiqib ketaverardim. Yanayam baraka toplaring, kampirlarga bir qarab olish tekin ekan, koʻzlarim rosa mazza qildi.

Endi mish-mishning oxiri nima bilan tugashini bilmoqchimisiz? Bosh vrach Bevoshqul otaning hamma chiqimlarini toʻlab, karavotni olib qoldi. Bechoraga javr boʻlibdi, deb achinyapsizmi? Achinmang. Oʻsha kuni Hapqul otaning katta oʻgʻli bu koyka uchun ozgina chiqim qildi, deb eshitdik. Yanayam Xudo bilguvchiroqdir. Balki bu ham bir mish-mishdir?