OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Tohir Malik. Savohil (I- qism)
 
Asarga baho bering

2 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiSavohil (I- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm222KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/22
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Savohil (I- qism)
Tohir Malik

«
Qaysi millat orasinda birlik koʻtarilib, nifoq va adovat hukm surgan boʻlsa, ul qavmning inqiroz dunyosiga yuzlangani aniqdir. Bular shuni fahmlamaydilarmi?
»
«
Dildagi adovat temirdagi zangga oʻxshaydi. Zang temirni yegani kabi, adovat Vatanni azobga soladi. Odamlar nahot adovatdan nari boʻla olmasalar?..
»
«
Abdulla Avloniyga bagʻishlanadi
»

Muqaddima oʻrnida

— Bahorjon, kela qol, oʻng qanotimga oʻtir, bizlarga ilhaq joylarga uchaylik. Sovuqni quvaylik, yerni uygʻotaylik.
— Oftobjon, kela qol, sen chap qanotimga oʻtir. Qishning muzlarini eritib tashla, yerni azoblardan oʻzing qutqar.

Qaldirgʻoch shunday der ekanu bir qanotiga oftobni, bir qanotiga bahorni oʻtqazib ucharkan. Qish boʻyi oʻlimtik holga tushgan dov-daraxtlarni uygʻotarkan, muzdan qutulgan tuproq yayrab nafas olarkan. Odamlar shod-xurramlik bilan ish boshlar ekanlar.

Kunlarning birida qaldirgʻoch uchib yurib, ilonning ariga aytayotgan gapini eshitib qolibdi:
— Men hammadan kuchliman, mendan barcha qoʻrqadi. Demak, men eng shirin taomlarni tanovul qilishim kerak. Sen yer yuzidagi bor jonivorlarning goʻshtini tatib koʻr, eng shirinini menga kelib aytasan.

Ari, «xoʻp boʻladi», deb uchibdi, qaldirgʻoch esa uning iziga tushibdi. Ari barcha jonivorlarni tatib koʻribdi — yoqmabdi. Oxiri pichan gʻarami yonida oʻynayotgan bolani chaqibdi-da, ozgina goʻshtini uzib olibdi. Shu goʻsht unga ma’qul kelib, ilon huzuriga oshiqibdi.

Qaldirgʻoch hademay unga yetib olibdi-da, arining ogʻzidagi goʻsht boʻlakchasini choʻqibdi. Goʻshtga qoʻshib arining tilini ham uzibdi.

Ari ilon huzuriga kelgach, nuqul gʻoʻngʻillarmish.
— Gapir, aytgan ishimni bajardingmi? — debdi ilon.
— Bajardi, bajardi, — debdi qaldirgʻoch, — u eng shirin goʻsht — qurbaqaniki, deyapti.

Shu-shu ilon qurbaqaga qiron keltira beribdi.

Kunlarning birida ilon qaldirgʻochning nayrangini anglabdi-yu, yovlashib, uni ham tinch qoʻymaydigan boʻlibdi...

(Oʻzbek xalq ertaklaridan)

«
Koʻngil, sen bunchalar nega
Kishanlar bilan doʻstlashding?

Abdulhamid Choʻlpon.
»

Birinchi qism - Ikki Qirgʻoq

Birinchi bob - Oq Fotiha

1

Asadulla qaldirgʻochlarning bexos qattiq chirqillashidan uygʻonib ketdi. Yostiqqa tirsagini tirab qaddini koʻtardi-da, deraza osha tashqariga qaradi. Devor tomonda yotgan Hojiyaxon ham uygʻondi:
— Nima boʻldi ularga? — dedi u, eriga havotir koʻzi bilan qarab.
— Qaray-chi...

Asadulla ayvonga chiqdi-yu, shiftda osilib turgan ilonni koʻrdi. Yoʻgʻonligi uch yashar bolaning bilagidek keladigan ilon tillarini chiqarib qaldirgʻoch iniga bosh suqmoqchi boʻlar, ikki qaldirgʻoch esa unga hamla qilgancha tinmay chirqillardi. Asadulla qarsak urib, «hayt-hayt»lab ilonni choʻchitmoqchi boʻldi. Ilon bunga parvo qilmagach, hovliga tushib, uzun tol yogʻochni qoʻliga oldi.
— Hay, hay, dadasi, oʻldirib qoʻymang tagʻin, — dedi uydan shoshilib chiqqan Hojiyaxon.

Asadulla yogʻochni koʻtarib, ilonni chetga surdi. Ilon yogʻoch bilan bir oz olishgan boʻldi-da, ishga odam aralashganiga fahmi yetibmi, toqilar orasidagi teshikka kirib ketdi.

Qaldirgʻochlar xavf bartaraf boʻlganiga ishonqiramay inlari atrofida picha uchib yurishdi.
— Ilon boyoqishlarga hech bir tinchlik bermadi-da, qachon qarasang shu yerda. Bular ham inlarini koʻchira qolishmaydi.
— Soddasan-da... inlarini koʻchirsa ilon topib borolmaydimi?

Asadulla to qaldirgʻochlar tinmaguncha joyidan jilmadi. Qushlar inga kirganlaridan keyin ham dam-badam boshlarini chiqarib, jonsarak qarab qoʻyishardi.

«Biz ham shularga oʻxshab qoldik,» deb oʻyladi Asadulla. Oʻziga shunday deyishga dedi-yu, koʻngli ogʻridi. Xurriyat xuddi shu beozor qushlar misol qanotlarida ozodlik, erkinlik, baxtni olib kelib goʻyo xalqqa in’om qilganday edi. Shu kunlarga yetishishni orzu qilgan, kurashgan, hatto umrining bir qismini Sibir oʻrmonlariga tashlab kelgan Asadulla «ilon»larning qilmishini hisobga olmagan ekan. «Bahor keldi, vassalom, olam charogʻon boʻlajak», deb koʻnglini shodlagan ekan. Bahorning ayamajuzlari, yer-koʻkni larzaga soluvchi momaguldiraklari, yoʻlida uchragan barcha narsalarni sidirib ketuvchi sellari, doʻllari borligini mulohaza qilmagan ekan.

Ikki yildan beri kun nadir, tun nadir, ajratish mahol. Oftobdan qoʻrqqan, sovuq tunda oʻrmalab kelib ochilajak kurtaklarni boʻgʻib ketgani kabi oʻzlarini erkparvar deguvchilar, pinhona kurashlarini avj oldirar edilar. Yarador vahshiy hech nimadan tap tortmaydi, jonzot uchun yanada xavfli boʻlib qoladi.

Zamonning oʻyinlari ajabtovur. Ikki yil muqaddam bular ogʻzidan inqilob soʻzi tushmas edi. Ba’zan, «bularning tanglayini «inqilob» deb koʻtarganmi», deging kelardi.

Asadulla buni oʻtkinchi hol deb yanglishgan ekan. Ha, qattiq yanglishgan ekan. Hurriyat soʻqmoqlarida achchiq-chuchukni, issiq-sovuqni tatigan odam uchun bu yanglishish kechirilmas hol edi.

Erkparvar libosidagilar jodugar kabi turli koʻrinishga kiradi: ilonga aylanib qush uyasiga bosh suqmoqchi boʻladi, tulkiga aylanib makr ishlatadi, boʻriga aylanib qoʻqqisdan hamla qiladi... Asadulla bularning hammasiga oʻzi shohid boʻldi. Qoʻqonda biqinini oʻq teshib oʻtganda ham, Toshkentning tahlikali tunini kunga ulaganda ham, birodarlarini oʻz qoʻli bilan tuproqqa qoʻyganda, Turkiston Markaziy ijroqoʻmidagi majlislarda nohaqdan-nohaq ayblaganlarida ham usha «jodugar»ning nafasini his qilib turardi. «Sherni otsang boʻriga aylanadi, boʻrini nishonga ololsang u tulkiga, soʻng tulki quyonga, quyon burgutga aylanib koʻz ilgʻamas balandlikka uchadi. Oʻqing yetib uni mahv etsa tuxum ajraladi, tuxumni poylay olsang, undan igna chiqadi-yu, dengiz tubiga choʻkadi. Jodugarning joni shu ignada. Uni topib sindirsang — jodugardan qutulasan...» Asadulla oʻsha ignani topolmay garang edi. «Doʻst makridan oʻzing asra, gʻanimni bartaraf etmoqqa qurbim yetarli», deyishadi. Erkparvarlarning aksari doʻst libosida yurgani Asadullaga ma’lum. Lekin ularni qanday oshkor etish mumkinligi noma’lum edi. Turkijroqoʻmning majlislarida ba’zan ular poʻst tashlab qolay derdilaru, ammo ustalik qilib, niqoblariga oʻralib olardilar.

Asadulla hozir ayvon ustuniga suyanganicha, qaldirgʻoch uyasiga qarab shularni oʻylardi. Bu oʻylar bexos uygʻonmadi, yoʻq, bunga qaldirgʻoch uyasiga hamla qilgan ilon ham sabab emas. Kechagi Hurriyat uyida boʻlgan majlis uning xotiralarini, xayollarini toʻzitib yubordi.

Turkiston Markaziy ijroiya qoʻmitasi bugun asosan Fargʻona vodiysidagi ahvolni muhokama qilishi kerak edi. Buxorolik va afgʻonistonlik oliy zotlardan bir qanchasining vodiyda yurgani, mayda qoʻrboshilarni birlashtirishga harakat qilayotgani haqida darak topishgach, Asadulla voqeani oydinlashtirish uchun Qoʻqonga borgan edi. Afgʻon «elchi»lari qoʻlga olinganini bilib, Qoʻqonda uzoq qolmay, Andijonga joʻnadi. Shahar ChKsida unga toʻrt basavlat, sersoqol afgʻonni roʻpara qildilar. Avvaliga suhbatlari qovushmadi. Ular, «chustlik tojiklarmiz», deb turib oldilar. Chust tojiklar oʻzbekchani suvday bilardilar, shuning uchun Asadulla ularga oʻzbekcha gapirdi. Javob ololmagandan soʻng yana forschaga oʻtdi. Afgʻonlar qaysarliklarini davom ettiravergach, u Afgʻonistonda amir Habibullaxon oʻldirilgani, uning oʻrniga Omonulloxon hukmdor boʻlganini aytdi. Shunda soqoliga oq oralagan afgʻon beixtiyor:
— Yo Olloh, yolgʻonni oʻzing kechir, — deb yubordi.

Asadulla amir Omonulloxonning Maskovga maktub yoʻllagani, bu maktubni forsiydan ruschaga oʻzi tarjima qilganini aytganda ham afgʻonlardan sado chiqmadi.
— Mahmudbek Tarzini bilarsizlar, axir? — dedi Asadulla toqati toq boʻlib.
— Sardor Tarzimi? Omonulloxonning padarzani1,— dedi soqoliga oq oralagan afgʻon sovuq ohangda.
— Shu odam horijiya noziri boʻlibdi. Amir Afgʻonistonni butkul mustaqil, oʻzgalarga qaram emas, deb yurtga omonlik beribdi.

Bu gapni eshitib, afgʻonlar bir-birlariga savol nazari bilan qarab oldilar. Shundan keyingina ular amir Habibulloxon istagi bilan bu yerlarga kelganliklari, vazifalari barcha qoʻrboshilarni Madaminbek qanotiga toʻplash ishida hamkorlik ekanini aytdilar.

Asadulla majlis ahliga shularni bayon qilgach, munozara uzoq choʻzildi. Vodiydagi ahvol xavotirli edi. Jiddiy muhokamaga, alqissa, jiddiy harakatlarga muhtoj edi. Majlisning choʻzilishi shundan.

Muhokama yakunlangach, barcha uchun kutilmaganda tashqi ishlar xalq noziri soʻz olib, kun tartibiga yana bir masalani kiritishni taklif qildi.
— Aprel oyida Termiz qal’asiga ikki afgʻon kelib, amirning muhim maktubini topshirgan. Termizlik oʻrtoqlar drezinada yoʻlga chiqib, bu maktubni bizga yetkazdilar. Oʻrtoq Asadulla Mira’lamov ishtirokida maktubni ruschaga tarjima qildik. Afgʻonistonning yangi amiri Moskvaga murojaat etib, doʻstlik aloqalarini oʻrnatishni soʻragan. Sizlarga shuni ma’lum qilamanki, Shoʻrolar hukumati bir yil avval Afgʻoniston amiriga shu masalada murojaat etgan edi. Biz yangi amirning maktubini radiotelegraf orqali Moskvaga uzatgan edik. Bugun javob oldik. Moskva zudlik bilan diplomatik guruh tashkil etib, Afgʻonistonga yuborishimizni soʻrayapti. Moskva — Toshkent yoʻli berk boʻlgani sababli RSFSRning vaqtincha elchisi ham shu yerda tayin qilinishi kerak. Biz bu vazifaga Nikolay Zaxarovich Xmarin nomzodini tasdiqlashni RSFSR hukumatidan iltimos qilmoqchimiz.
— Xmarin? Kim ekan u? — dedi oʻtirganlardan biri.

Xalq noziri qogʻozlar orasidan keraklisini tanlab, nomzodni tanishtira boshladi. Asadullaning qulogʻi unda, xayoli esa aprel oyidagi uchrashuvda edi. U Xmarin bilan bir mata uchrashgan, bu kibor diplomat unda noxush taassurot uygʻotgan edi.

Xmarinning koʻp yillar davomida imperator elchisi sifatida Eronda xizmat qilgani majlis ahlini oʻylantirib qoʻydi. Bu odamga ishonish mumkinmi yo yoʻqmi, hech kim bilmas edi. Shu sababli nomzod darrov tasdiqlanmay, munozaraga sabab boʻldi.
— Siz unga kafillik bera olasizmi? — deb soʻradi majlis raisi munozaraga yakun yasash maqsadida.
— Kafillik bersam, bermasam, diplomatiya ishlaridan xabardor boshqa odamimiz yoʻq. Uning kimligini RSFSR Tashqi ishlar xalq komissarligida mendan yaxshiroq bilishadi. Nomzod ma’qul kelsa tasdiqlashadi. Boʻlmasa yoʻq. RSFSR elchisining birinchi oʻrinbosari, ayni paytda Turkiston jumhuriyatining elchisi vazifasiga biz oʻrtoq Mira’lamov nomzodini koʻrsatmoqchimiz.

Asadulla yanglish eshitmadimmikan, deganday hayron boʻlib nozirga qaradi.
— Menmi? — dedi u quloqlariga ishonmay.
— Ha, siz, oʻrtoq Mira’lamov, nimaga ajablanyapsiz? Amirning amakivachchasi Ishoqxon bilan borishni taklif etganimizda rad etmagan edingiz?
— Unda... amirga xat olib borishimiz kerak edi. Elchilik... umrimda qilmagan ishim...
— Men ham umrimda nozirlik qilmaganman. Bular ham...
— Oʻrtoqlar, tushuninglar, axir bu jiddiy mas’uliyatli ish.
— Shuning uchun ham sizning nomzodingizda toʻxtaldik.

Asadulla bosh chayqadi-yu, ammo e’tiroz bildirmadi. Nozir bundan mamnun boʻlib, gapini davom ettirdi.
— Elchining harbiy maslahatchisi qilib oʻrtoq Shuvalov nomzodini koʻrsatamiz. Orenburg inqilobiy harakatining faollaridan. Dutovga qarshi janglarda qatnashgan, sinalgan oʻrtoq.
— Sobiq politsiyachimi?
— Politsiyada bolsheviklarning topshirigʻi bilan ishlagan, — dedi nozir keskin ohangda.

Boshqa savol tushmay, nomzod ma’qullandi.
— Elchining yana bir oʻrinbosarligiga oʻrtoq Ushinskiy nomzodi...

Asadulla yalt etib nozirga qaradi: «Nima deyapti?! Butun bir katta davlat bilan aloqa oʻrnatishga beburd, millatchi odamni yubormoqchimi?»
— Men qarshiman, — dedi Asadulla oʻrnidan turib.
— Elchi sifatidami? — dedi kimdir kinoya bilan.
— Yoʻq, — dedi Asadulla qat’iy ohangda, — Markaziy ijroqoʻm a’zosi sifatida. Men Ushinskiyni yaxshi bilaman.
— Biz ham bilamiz, — dedi nozir. — Oʻrtoq Ushinskiy inqilob uchun koʻp xizmat qilgan. Toʻgʻri, u eser1 edi. Ammo yanvar isyonidan2 ancha oldinroq bolshevik3lar safiga oʻtgan. Men unga shaxsan kafillik beraman.
— Nomzodi ma’qullansin. Oʻrtoq Mira’lamov, shaxsiy adovatlarni unutish kerak. Hozir kek saqlaydigan zamon emas... Umuman... deyarli har majlisda oʻrtoq Ushinskiyni bir choʻqimasangiz xumordan chiqmaydigan boʻlib qolyapsiz... — Bu ovoz hozirgina kinoya qilgan odamniki edi. Asadulla unga bir qarab oldi-yu, biroq, javob bermadi. Hozir oʻzini oqlashga kirishsa, oʻtirganlarda boshqacha fikr uygʻonishi mumkin edi. Turkiston Markaziy ijroqoʻmidagi yagona oʻzbek — Asadulla Mira’lamov ular bilan boʻlajak bahsda baribir yengilardi. Shu sababli dardini ichiga yutdi.

Boshqa gaplar Asadullaning qulogʻiga kirmadi.

...Turkiston Markaziy ijroqoʻmidagi majlislar Asadullani tobora qiynab borardi, uni goʻyo boshi berk koʻchaga haydayotgandek edi. Milliy uygʻonish, yurt istiqloli orzusi mavhumlik pardasiga chulgʻanardi. U jannat bogʻlarini umid qilib, oqibatda sarobga yoʻliqqan chorasiz kishi holida oʻzini koʻrib, ruhi faryod cheka boshlardi. «Qaysi nuqtada xatoga yoʻl qoʻydik? Nahot, boʻlayotgan gaplarning barchasi yolgʻon, nahot biz aldovga uchgan nodonlarmiz?» — Asadulla shu savollarga javob izlardi. Ichki bir hayqiriq: «Senlar aldandilaring, senlar tufayli xalq ham aldandi», deb tursa, soʻnib ulgurmagan umid choʻgʻi: «Yana ozgina kutaylik-chi...» deb sabrga undardi...

Markaziy ijroqoʻmning bir oy avvalgi maxsus majlisida bu umid choʻgʻi butkul soʻnmogʻi lozim edi, lekin bu safar ham sabr ustun chiqdi.

Undan oldinroq Asadullani yoʻqlab, maxsus topshiriq bilan Fargʻona muzofotiga borajagini aytishdi. Unga ma’lum qilishlaricha, Eskijoʻvada qoʻqonliklar «Fargʻona fojeasi» degan tomosha koʻrsatishibdi. Tomosha mazmuni zararli, millatchilik ruhida boʻlgani sababli toʻxtatilibdi. Unda zikr etilgan ayrim voqealar esa tekshiruvga muhtoj emish.

Asadullaning tomosha qoʻyilishidan xabari bor, biroq, kelib koʻrishga imkoni boʻlmagan edi. Tomoshani sahnaga qoʻygan Niyoziyni u yaxshi tanirdi. U bir necha yil muqaddam Asadullaga uchrashib, teatru san’ati bilan qiziqqan, Qoʻqonda ham shunday tomoshalar koʻrsatish niyati borligini aytib, maslahatlar soʻragan edi. Shu bahona ular orasida ustoz-shogird maqomida yaqinlik vujudga kelib edi. Asadula Markaziy ijroqoʻmdan topshiriq olgach, yoʻlga otlanishdan avval Niyoziy bilan uchrashib, tomosha matnini soʻradi.
— Matnni olib qoʻydilar, — dedi Hamza Niyoziy afsus bilan. Keyin uning qisqacha mazmunini bayon qilib berdi-da, qoʻshib qoʻydi: — Tomoshada fojealarning bir-ikki zarrasigina koʻrsatildi. Agar dashnoqlar vahshiyligining uchdan bir qismini koʻrsatsak edi, dunyoga oʻt ketardi. Usta, siz Fargʻonaga borarsiz-u, ammo bir natija chiqarmikin?
— Biron nimadan gumoningiz bormi?
— Oq podsho zamonida ham tomoshalarimizga bu darajada taz’yiq yoʻq edi. Kechagi zoʻravonlikka qaraganda dashnoqlarning Markaziy ijroqoʻmingizga ham ta’siri bormikin, deyman?
— Markaziy ijroqoʻmda dashnoqlar vakili yoʻq.
— Bu bizga ma’lum. Ularni burjua-millatchi fir-qa sifatida inkor etasizlar. Inkor etasizlaru inon-ixtiyorlarini oʻzlariga qoʻyib bergansizlar. Ijroqoʻmingizda ularning vakillaridan boʻlmasa ham ta’siri bordir. Axir Qoʻqon muxtoriyatini shu dashnoqlar qonga botirib berishdi-ku? Komissarlaringiz ularning bu xolis xizmatlarini unutishmagandir? Ariqlarda suv oʻrniga qon oqdi, deganimda ishonmagandingiz. Avval faqat Qoʻqondagina ariqlarda suv oʻrniga qon oqqan boʻlsa, endi butun Fargʻona soylarida oqyapti inson qoni.

Asadulla bu masalada Niyoziy bilan bahslashmadi. Safarga u bilan birga borish istagi tugʻildi. Lekin Favqulotda qoʻmitadan ijozat tegmadi.

Niyoziy toʻgʻri aytibdi: dashnoqlarning vahshiyligini bayon etmoqqa qalam ojiz ekan. Butun bir qishloq ahlini yosh demay — qari demay, bola demay — ayol demay, adirga haydab chiqib, «bosmachilarga qarshi handaq qaziysanlar», deb majburlab, soʻng barchalarini otib oʻldirib, oʻzlari qazigan handaqlarga koʻmib ketishlarining oʻziyoq ularga qarshi keskin choralar qoʻllash uchun yetarli dalil edi. Asadulla koʻrib-bilib kelgan dalillarini bayon qilib, «Odamlarning shoʻrolarga qarshi qoʻlga qurol olishlariga aynan shunday vahshiyliklar sabab boʻlgan», degan xulosasini aytganida majlis ahli kutilmagan bu haqiqatni tan olganday avvaliga bir oz sukut saqladi.

Bu sukutni oʻshanda birinchi boʻlib Ushinskiy buzgan edi:
— Oʻrtoq Mira’lamovning soʻzlariga e’tibor berilsa, bu oʻrtoq nutqlarida «bosmachi» degan atamani ishlatishdan qochyaptilar. Yo men adashdimmi?
— Adashmadingiz, — dedi Asadulla. — Ularni siz bilan biz «bosmachi» deymiz. Xalq ularni oʻzgacha ataydi.
— Bilaman, — dedi Ushinskiy una qattiq tikilganicha. — Ular oʻzlarini «Milliy ozodlik jangchilari» deyishadimi yo «islom lashkarlari» deydilarmi yo yana allanima balolar deydilarmi, bu bizga yaxshi ma’lum. Sizning oʻzingiz nima deb ataysiz? Men sizning bu masalaga partiyaviy nuqtai nazaridan munosabatingizni bilmoqchiman.

Fargʻonaga joʻnash arafasidagi uchrashuvda Hamza «oʻzining uyini himoya etuvchilarni «bosmachi» deyish urf boʻlib boryapti. Bosmachi kim ekani farqlab olinsa durust boʻlardi», degan edi. Asadulla Ushinskiyga shunday javob qaytarmoqchi boʻldi-yu, bundagilarning behos hujumlaridan saqlanish uchun:
— Gap nima deb atalishida emas, gap — uning kelib chiqishi sabablari va bu urushni toʻxtatish masalasida, — dedi. Agar bu majlis ahli orasida gapga tushunadigan, xalq dardini anglaydigan bir odam boʻlganida ham Asadulla Mashrabning «Dil tigʻi sitamdin pora boʻlgan xalqni koʻrdum, tani dardu alamdin yora boʻlgan xalqni koʻrdum» — degan baytini oʻqib, ruschaga tarjima qilib bergan boʻlardi. Biroq, mashoyihlar: «Tani boshqa dard bilmas», — deb bejiz aytishmaganlar. Asadulla yuragini kuydirayotgan gaplarning koʻpini tilga chiqarmadi. Faqat asosiy xulosani isbot etish maqsadida:
— Fargʻona viloyatida to hozirga qadar mahalliy millat vakillaridan bironta odamning bolsheviklar firqasiga qabul qilinmasligini qanday izohlash mumkin? — dedi.

Bu savolni ham majlis ahli sukut bilan qarshi oldi.

Bu sukutni ham Ushinskiy buzdi:
— Demak, mahalliy millat vakillari orasida bolsheviklar safida turishga arzirli ongli odam yoʻq ekan...

Shu odam kutilajak uzoq safarda Asadullaga hamroh boʻlishi kerak...

Ushinskiyning elchilar guruhiga kiritilishi, majlisda «kekchi», «adovatchi» degan nom olishi Asadullani behad gʻazablantirdi. Oʻtgan yili xuddi shu binoda Asadulla bilan Ushinskiy oʻrtasida boʻlib oʻtgan mojaro hali unutilgani yoʻq. Kechagi majlisda Ushinskiy nomzodiga qarshi chiqishi bilan koʻpchilik oʻshani eslagan boʻlishi kerak. «Shaxsiy adovat...» degan gaplar shuning oqibati. Ushinskiyga qarshi aytilgan har bir gap istasang-istamasang shu mojaroga qarab yetaklaydi. Doʻst libosidagi gʻanimlarga bu ayni muddao. Kechagi majlisda «shaxsiy adovat» deb oʻsha mojaroga shama qilgan odam chin doʻstmi yo koʻngli qorami, Asadulla aniq bilmaydi. Balki u toza koʻngildan aytgandir bu gapni. Doʻppini qoʻyib, yaxshilab oʻylab koʻrilsa, uning bu fikri bir jihatdan toʻgʻri. Shaxsiy adovatga sira yoʻl berish kerakmas. Lekin u qora niyatda aytgan boʻlsa-chi?

Ertalab qaldirgʻochlarning bexos chirillashidan uygʻongan Asadullani ana shu xayollar beorom qilmoqda edi.

Nonushta mahali ham oʻyga tolgan holda oʻtirdi. Xotiniga koʻzi tushdi-yu, gʻalati boʻlib ketdi: Hojiyaxon unga ma’yus tikilib turibdi. Asadulla undan koʻzini olib qochdi. Choydan bir hoʻplab, yana qaradi. Yana oʻsha ahvol.
— Senga nima boʻldi? Tobing yoʻqmi? — deb soʻradi Asadulla.

Hojiyaxon choʻchib tushganday boshini chayqadi.

Asadulla, «choyingni ich, sovutma», deb, undan nigohini oldi. Dam oʻtmay yana boqdi: Hojiyaxon endi dasturxon uchini qayirib oʻtiribdi, koʻzini dagʻallashib qolgan barmoqlariga tikkan.
— Onasi... — Hojiyaxon yalt etib qaradi. Bu safar erining nigohiga dosh berolmay koʻzini olib qochdi. — Dardga yem boʻlmay, ichingdagini aytaver.
— Dardim yoʻq... — Hojiyaxon yana dasturxon uchini qayirdi. — Faqat... aytadiganim... juda ishga berilib ketdingiz. Bolalaringizga ham keraksiz. Hadeb oʻzingizni oʻtga uravermang...
— Bor gaping shumi?
— Shu.

Asadulla kuldi. Gapni hazilga aylantirmoqchi boʻldi:
— Hamma erkaklar uyida oʻtirib olsa, hurriyatning ahvoli nima kechadi? Xalq dodini kimga aytadi? Yana qulligicha qolaveradimi?

Hojiyaxon indamadi. Boshqa xotin boʻlganda: «Uyda oʻtirib oling, demayman, begonalarga oʻxshab birrov kelib ketmay, «uyim-joyim bor», deb bolalaringiz bilan chaqchaqlashib ham oʻtiring. Toʻrt yil yoʻlingizga koʻz tikkanim, toʻrt yil koʻzyoshi toʻkkanim menga kammidi», deb nolalar chekardi. Hojiyaxon esa indamadi. Shu indamaslik Asadullaning boshiga choʻqmorday urildi. Bunaqa sharoitlarda ibratli gaplar topishga usta boʻlgan bu shoir odam xotiniga tasalli bera oluvchi soʻz aytishga nochor qoldi. Xayoliga kelayotgan gaplar— bu ogʻirliklar vaqtinchaligi, yaxshi kunlar yaqin qolgani, oʻzbekning bagʻriga ham shamol tegishi... avval aytilgan, takrorlashga hojat yoʻq edi. Nima qilganda ham Hojiyaxon haq — oilasiga vaqt ajratishi lozim.

Asadulla oʻzini koyib, xayolida turli rejalar tuzib, oʻrnidan turdi. Koʻcha eshigi tomon yurdi-yu, toʻxtadi.
— Bir nima esingizdan chiqdimi? — dedi Hojiyaxon.
— Haligi gaping... toʻgʻri, onasi, — dedi Asadulla jilmayishga harakat qilib. — Bugun ertaroq qaytaman.

Hojiyaxon kulimsiradi. Labida nimkulgu bor edi. Koʻzidan esa ma’yuslik koʻtarilmagandi. Asadulla buni oʻsha topda sezmadi. Buni keyin, fojia yuz bergandan soʻng, oradan kunlar oʻtib eslaganda, yuragi zardobga toʻlib koʻz oldiga keltirganida sezadi. Hozir esa «xotinimning koʻnglini koʻtardim», degan tasalli bilan koʻchaga chiqadi.

U va’dasida turdi. Uyga odatdagidan erta qaytdi. Hali oqshomga vaqt bor. Bugun Asadulla Kalas tomondagi qishloqlarga borib kelish topshirigʻini oldi. Dehqonlar boylardan tortib olingan yerlardan yuz oʻgirayotgan emishlar. Boshqa joylarda ham shunday boʻlayotgani uchun Markaziy ijroqoʻm bu masalani betoʻxtov oʻrganishni Asadullaga topshirdi. U ertalab xotiniga bergan va’dasini bajarish, shu bahonada yangi maktab uchun moʻl yozgan kitobidan birini olvolish maqsadida uyiga keldi. Eshigiga yaqinlashganda bir odamga koʻzi tushib, sergak tortdi. Ertalab ham koʻrgan edi uni: baland boʻyli, baquvvat odam, engagida chandigʻi bor. Boshidagi margʻilon nusxa doʻppi ancha urinib qolgan. Notanish odam Asadullani koʻrib choʻchidimi, har holda qadamini sekinlatdi. Keyin tezlatdi. Salom berib oʻtib ketmoqchi edi, Asadulla toʻxtatdi.
— Inim, birovni qidirib yuribsizmi? Ertalab ham koʻrganday edim.

Notanish odam kalovlandi, darrov javob topib bera olmadi.
— Shu deng... birovni izlayotganim yoʻq. Ommo lekin... ijaraga uy boʻlsa... Zavutta ishlasammi...
— Qaerliksiz?
— Rishtondanman. Bezorim chiqib ketdi u yerlarda. Halovat yoʻq. Koʻchimni koʻtarib kelaverdim. Ijaraga uy topilmaydimi?
— Siz samovarxonaga kiring. Asadulla aytdi, desangiz, yordam berishadi.
— Qulluq, taqsir.

Notanish odam yengil ta’zim qildi-yu, unga olazarak qarab oldi. Asadulla buni sezmadi. «Halovat izlab kelibdi. Shunday baquvvat, dev odam oʻzini olib qochsa... Uning halovati uchun boshqalar jon bersa» Asadulla shu xayol bilan uning izidan qaradi. Ayni choqda, notanish odam ham oʻgirilgan edi. Ammo uning xayolida boshqa gap: «Ijaraga uy topib bermoqchi... Jonini ijaraga topshirganidan xabari yoʻq. Goʻlmi u yo oʻzini xalqparvar qilib koʻrsatmoqchimi?.. E, nodon, sen Muhiddinning kimligini bilmay oʻtasan bu dunyodan...».

2

Turkijroqoʻm majlisida Afgʻonistonga boradigan elchilar nomzodi muhokama etilayotgan damda Mirkomilboyning Sebzordagi uyida antiqa suhbat borar edi. Tuprogʻi koʻpchib yotgan koʻchadagi yagona qayragʻoch soyasiga toʻnini tashlab oʻtirgan Muhiddin esa daraxtning bujur tanasiga suyanib mudrardi. Oʻtgan-ketgan «issiq elitgan» bu notanish odamga parvo qilmas edi. Muhiddin esa oʻzini mudraganday koʻrsatib, chalayumuq koʻzlari bilan koʻchadagi har bir harakatni ziyrak kuzatardi. Agar biror xavfni sezsa, oʻrnidan turib, toʻnni qoqadi-yu, yelkaga tashlab Qoʻshtut koʻchasiga buriladi. Mirkomilboyning boloxonasidan shu tomon tikilib turgan bir juft koʻz uchun bu kifoya: ichkaridagilar darhol ogohlantiriladi.

Ichkaridagilarning biri — uy egasi — Mirkomil hoji. Yaqin-yaqinlarda Mirkomilboy desa odam uyoqda qolib, daraxtlar ham bir silkinib tushardi. Toshkentdagi ikki zavodga ega boʻlgan bu odamning salobati, oʻzini tutishini koʻrgan kimsa, «bu boy zavodning egasimi yo dunyoning xoʻjasimi?» deb yoqa ushlardi. Oʻn yettinchi yilning bahoridan to kuziga qadar xoʻpam muloyimlashdi. Ishchilarning maoshini oshirdi, yoʻqsillarga in’omlar berdi. Koʻz tikkan umidi — Qoʻqon muxtoriyati barham topgach, qolgan umrini toat-ibodatga bagʻishlaganini e’lon qildi. Endi Mirkomilboy emas, taqvodor Mirkomil hoji nomi bilan tilga tushdi. Yetti yil muqaddam Ka’bani ziyorat qilgani endi asqatdi. U besh vaqt namozni masjidda oʻqirdi. Biron-bir marta boʻlsin, siyosatdan soʻz ochmasdi, shoʻrolar qilayotgan ishlarga munosabatini oshkor qilmasdi. Shu tufayli u ashaddiy aksilinqilobchilar roʻyxatidan tushib qolgan edi.

Uning bugungi mehmoni egniga oq surp yaktak, boshiga simobi salla oʻragan boʻlsa-da, rang-roʻyidan oʻzbek emasligini sezish qiyin emasdi. Oʻzbek emasligi ayniqsa gapirganda oshkor boʻlardi. U soʻzlarni bir oz choʻzib, yumshoqroq talaffuz qilardi. Bu odamning ismi — Xauston, oʻzi ingliz fuqarosi boʻlib, uzoq yillar davomida Eronda, soʻng Turkistonda turli qiyofalarda yurdi. Toshkentdagi soʻnggi «vazifasi» — ingliz tili muallimi edi. Mirkomilboy Yevropa sanoati egalari bilan mustahkam aloqa oʻrnatish maqsadida oʻgʻillarini shu odam qoʻliga topshirgandi. Ingliz tilida gaplashishga oʻrganib olgan ikki oʻgʻil Angliyaga yuborilgan, orada bolsheviklar toʻntarishi roʻy berib, ular uyga qaytarlarini ham, qaytmasliklarini ham bilmay, oʻsha yoqda tentirab yurardilar.

Ilgari Mirkomilboy bilan Xaustonni shu ikki oʻgʻil bir-biriga bogʻlagan boʻlsa, endi maqsad birligi qovushtirib turadi. Ingliz tili muallimining asl vazifasi endi Mirkomilboy va unga oʻxshash bir-ikki odamga ma’lum edi. Ikki yil avval Xauston ularning koʻziga kemasi bilan Toshkentga suzib kelib, choʻkayotganlarni qutqaruvchi Nuhday koʻringan edi. Isyonlarning bostirilishi uni ancha obroʻsizlantirdi.

Xauston bu xonadonga Osipov isyonidan avval kelganicha qadam bosmay qoʻygandi. Kerak boʻlganda ular aloqachi orqaligina bogʻlanardilar. Bugun uning bu ahvolda kirib kelishi Mirkomilboyni ham ajablantirdi, ham tashvishga soldi.

Xauston maqsadga darrov koʻcha qolmadi. Hol-ahvol soʻragan boʻldi-yu, sukutga berildi. Uning bunaqa odati yoʻq edi. Gapini chertib-chertib aytuvchi bu odam vaqtini zoe ketkazmasdi. Sharqona lutflar, dasturxon atrofidagi keraksiz gap-soʻzlar unga begona edi. Hozir, ajab, xuddi atayin choyxoʻrlikka kelganday xotirjam oʻtiribdi. Mirkomilboyning toqati toq boʻlsa-da, undan sado chiqishini sabr bilan kutdi.
— Bolsheviklarning janozasini qachon oʻqiymiz?

Qoʻqqisdan berilgan bu savoldan Mirkomilboy asabiylashdi. Yuzi uchdi. Qoʻlidagi tasbeh donalarini gʻijimladi.
— Janozani... suyangan togʻlaringizga oʻqib qoʻyishdi-ku, — dedi u gʻijinib.

Xauston shunday javob kutgani uchun ham bu kinoyani eshitib ranjimadi. Aniqrogʻi, bu savolni atayin mezbonning gʻashiga tegish uchun bergan edi. Uning rejasicha, hamsuhbat bir oz asabiylashganda maqsad ayon etilsa koʻngildagiday boʻlishi kerak.

Bu rejadan bexabar Mirkomilboy bir kinoya bilan uzib oldim deb, oʻz koʻngliga taskin berdi. Aslida u bundan battar gaplarni aytishga ham haqli edi. Qoʻqon muxtoriyatining uzil-kesil gʻalabasini bashorat qilgan shu Xauston emasmidi?! Qishda Osipovning ad’yutanti bilan kelib, «zavodlaringizni qabul qilib olishga tadorik koʻravering», degan ham shu Xauston emasmidi? Qani muxtoriyachilar, qani Osipovning sara askarlari, qani «TVO» deb olamga jar solgan «engilmas» tashkilot?! Angliyaning yuz million aqchasi, oʻn olti togʻ zambaragi, qirqta toʻpi, miltiqlarining qudrati nimaga yetdi?! Mirkomilboy bularni oʻylasa, «Turkistonning kuni shularga qolganmidi», deb ezilib, oʻzini-oʻzi boʻgʻizlab tashlagisi kelardi. Oʻn yettinchi yil toʻntarishida ham, zavodlarini topshirganida ham bunchalik iztirob chekmagan edi. Har bir isyonning bostirilishi, har bir magʻlubiyat unga goʻyo azroilning ogohlantirishi boʻlib tuyular edi.
— Siz... chindan ham tarki dunyo qilganga oʻxshaysiz, — dedi Xauston bir zumlik sukutni buzib.
— Koʻrib turganim bu buzuq dunyo — dunyo emas, doʻzax. Doʻzaxdan battar. Janob Xauston, siz oʻzgarib qolibsiz. Muddaongizni anglamay qoldim?
— Hayronligingizni sezib turibman, hoji. Daf’atan maqsadga koʻchmayotganimning boisi bor. Taklifimni qabul qilishingizga ishonmayroq turibman.
— Sabab?
— Bu ancha ogʻir ish. Sizni qiynab qoʻyishim mumkin.

Bu gap Mirkomilboyga malol kelib, bir qoʻzgʻalib oldi.
— Ayting! — uning ovozidagi amirona ohang Xaustonga yoqdi.
— Sizni Afgʻoniston safariga taklif etmoqchiman. Kobulda bir oz turib, soʻng Hindiston orqali Angliyaga, oʻgʻillaringiz yoniga olib boraman.

Farzandlarining eslatilishidan boyning yuragi hapriqib ketdi. Bu taklif uchun mehmonni bagʻriga bosgisi ham keldi. Lekin bu oniy tuygʻu edi. Shamolday gʻuv etdi-yu, oʻtdi-ketdi. Tuygʻulari oʻsha onning oʻzida aqlga boʻysundi. Xauston boyning yuzi bir dam yorishgani, soʻng nigohi yana sovuq tus olganini sezdi. «Bu odamni laqillatish qiyin», deb qoʻydi oʻzicha.
— Lekin... — dedi u oʻsmoqchilab.
— Oʻsha «lekin»dan boshlasangiz durust edi gapni, — dedi boy.
— Bir-ikki yumushni sizning yordamingizsiz bajarish mumkin emas. Endi ochiqroq tushuntiray: Afgʻonistonning yangi amiri nodonlik qilib Leninga xat yuboribdi. Rossiyaga doʻst boʻlish niyati bor. Avvalgi amir Fargʻonadagi islom lashkarlariga xayrixoh edi. Bunisi aksi boʻlib chiqdi. Agar Leninning choparlari Kobulga yetib borsa, Buxoroning Toshkentga yurishiga ishonch qolmaydi. Ikki amir bir yoqadan bosh chiqarsa, nur ustiga nur boʻlardi. Bugun Turkijroqoʻmda Afgʻonistonga boruvchi elchilar nomzodi tasdiqlanishi kerak. Biz elchilarning yoʻlga chiqishini kechiktirishimiz shart. Ishning bir tomonini pishitganmiz; ular orasida ishonchli odamlarimiz bor. Eng muhimi, elchilar orasida yerli millat vakillari boʻlmasin. Fikrimni anglagandirsiz?
— Oʻzbeklardan kim borarkan?
— Asadulla Mir’alam. Eski tanishingiz. Yanglishmasam, «Ulamo» jamiyati uni oʻlimga hukm qilgan edi. Hukm ijrosi choʻzilib ketmadimi?
— Hukmdan qochib qutulmas. Lekin... u bormasa, boshqasini yuborishar?
— Biz esa vaqtdan yutamiz. Afgʻoniston amiriga ular emas, avval biz roʻpara boʻlishimiz shart.
— «Biz» deganiniz kim?
— Ma’zur tuting, soʻzdan adashdim. Men «siz» demoqchi edim. Turkiston a’yonlari nomidan amir bilan siz muzokara yuritasiz. Amirga bolsheviklar bilan yaqinlashuvning zarar ekanini aytib, ishontirish kerak.
— Mulohaza qilib koʻrishim lozim buni...

Xauston, «ha, albatta», deganday bosh liqillatib qoʻydi.

Mirkomilboy oʻn yettinchi yilning bahorida, Xauston niqobini yechib, asl qiyofasiga kirgandan beri bir narsani koʻp oʻylaydi: bu odam «avagʻamning avagʻasi, umurtqamning shoʻrvasi»dan battar boʻlaturib, Turkiston taqdiri uchun buncha qaygʻurmasa? Ikki yil avval xuddi shu uyda Xauston bu savolni oʻrtaga qoʻyib, oʻzi javob qilgan edi. Mirkomilboy uning soʻzlarini yaxshi eslaydi: «Biz yurtimizni Buyuk Britaniya deb ataymiz. E’tibor qiling: Bu-yuk Britaniya! Siz Buyuk Turkiston sultonligi bunyod etmoqchi ekansiz, nechun biz koʻmak bermaylik? Niyatimiz begʻaraz, ishonavering. Shubhalanishingiz oʻrinli, bir davlat ikkinchisiga bemaqsad yordam bermaydi. Turkiston, mening nazarimda, mana shu dasturxonday toʻkin. Maqsadimiz kamtarona — iltifot etgan choqlaringizda shu dasturxondagi ne’matlardan bahramand boʻlish. Biroq biz dasturxoningizga quruq kelmaymiz: pilla olamiz — shoyi beramiz, paxta olamiz — gazlama beramiz, mashinalar beramiz. Mana, janobi Mirkomilboy hoji korxonasiga bizning mashinalardan oʻrnatsa, oʻn hissa kuchayadi. Bu yaxshimi yo yomonmi?» Ha, Xauston shunday deb ishontirmoqchi boʻlgan edi. Tan olish kerak, ishonishgan ham edi. Keyinroq loyqa suv tinib, ariq tubidagi haqiqat koʻrindi. Savolga javob juda oddiy edi: Turkistonni Rossiya qoʻlidan tortib olib, Angliyaga tobe qilish. Mirkomilboyning buni anglab yetishi uchun koʻp fursat talab etilmadi. U buni anglab yetgani bilan sir boy bermadi, arqonni uzun tashladi. Boy boshqa narsaga hayron: «Turkiston qoʻymidiki kim yetaklasa ketaveradigan. Tobe boʻluvimizga nima uchun qattiq ishonishadi bular?» Mirkomilboy hozir ham shu savol atrofida aylanib, Xaustonning asl maqsadini tushunmoq istardi. Angliyaga, oʻgʻillari huzuriga olib borishga va’da qilishi — qarmoq uchidagi chuvalchangdek gap, Mirkomilboy nodon baliq emaski, bu qarmoqqa ilina qolsa. Afgʻonistonga borish, amir bilan yuzma-yuz boʻlish Turkistonga nima naf beradi? Hoji shuni anglab yetishi kerak. U hozir ming oʻylagani bilan bari bir aniq maqsadning ildiziga yetib borolmaydi. Chunki Afgʻonistondagi voqealardan u toʻliq boxabar emas. Amirning oʻz chodirida oʻldirilganini, oʻrniga uchinchi oʻgʻil taxtga oʻtirganini biladi xolos. Angliya bilan urush boshlanib ketgani, bu urushda afgʻonlarni yengish qiyinlashib borayotgani, Hindistondagi gʻalayonlar inglizlarni ancha shoshirib qoʻyganidan bexabar.

Tulki ming bir hiylaga ega boʻlsa ham, qopqonga tushib qoladi. Mirkomilboy tulki qismatiga sherik boʻlishni istamaydi. Shu uchun oʻzicha ajoyib bir qarorga keldi:
— Janob, mening yurtdan uzoqlashish niyatim yoʻq. Bu tuproqning pokizalanishiga umidim bor hali. Afgʻonistonga joʻnashimni ma’qul koʻrar ekansiz, mayli, siz aytgancha boʻla qolsin. Ammo Kobuldan Hindistonga, undan Angliyoga yurishni rejangizdan chiqarib tashlang. Ishni bunday qilamiz: siz yurtingizdagi baobroʻ janoblarga yetkazing: oʻgʻillarim Hindiston orqali Kobulga kelsinlar. Vazifangizni ado etganimdan soʻng, birgalikda Toshkentga qaytamiz. Ma’qulmi?

Xauston kulimsiradi.
— Biz uchun bundan oson ish yoʻq. Asadulla Mir’alam taqdirini birga ham etamiz. Men Toshkentdan chiqib ketaman. Sizni Buxoroda kutib olaman. Avvalgiday ishonchli odamlar bilan bogʻlanib turamiz.

Xauston bu yerdan shom qorongʻisida chiqib ketmoqchi edi. Shu sababli shoshilmadi. Ikkovlon «dunyoning ishlari»dan gaplashib oʻtirdilar. Bu til uchidagi dilkash suhbat edi. Aslida har birining xayoli boshqa gaplar bilan band.

Mirkomilboy, garchi safarga rizolik berib qoʻygan boʻlsa-da, Xaustonning yashirin maqsadlarini izlardi.

Xauston esa uy egasining makkorligiga ham qoyil qolib, ham gʻashi kelib oʻtirar edi. Xauston umrining anchasi Sharqda oʻtdi. Kerak paytida gadoga hamtovoq boʻldi, keragida manman degan boylarning burnidan ip oʻtkazib istagan yoʻrigʻiga soldi. Koʻpni koʻrdi, ammo Mirkomilboydayini koʻrmadi. Bu odamni hatto ChK ham yoʻq qila olmadi. U yoqda muxtoriyatchilar, bu yoqda osipovchilar, tvochilar badnom boʻlib ketdilar. Manman degan siyosatchilar, rahnamolarning biri avaxtada chiriyapti, biri sarsonlikda yuribdi. Hoji esa suvdan quruq chiqdi. Uning Qoʻqonga borganini, bu yerda Osipov bilan aloqada boʻlib turganini juda oz odam bilardi. Biladiganlarning ham ogʻzi mahkam edi. Xauston yuragida bir ogʻir dard bor edi: u sharqliklarni odam oʻrnida koʻrmas, uning uchun eng ogʻiri — buni oshkor eta olmas edi. Kasb-kori shunga majbur qilardi. Tagi past odamni koʻpchilik orasida ulugʻlab, «nasli toza aslzoda» ekanini isbotlagandan, tugʻma ahmoq odamning «behad oʻtkir zehni» haqida gapirgandan keyin haromga qoʻl urganday ijirgʻanardi. Uning yuragidagi dardlar yurtiga yoʻllangan maktublarga koʻchardi, Toshkentda boshpana topgan oʻzga xorijiylar bilan suhbatlarda picha forigʻ boʻlardi.

Lekin istisno tariqasida ayrim odamlarni yoqtirib ham qolardi. Mirkomilboy nomi ana shu kichik roʻyxatga kirgan edi. Boy faqat oyoq ostiga qaramasdan, uzoqni koʻzlardi. Uzoqni moʻljal qilganlar, Xaustonning nazarida oʻtkir mulohazali boʻlishadi, bular bilan ish pishitsang qoqilmaysan. Xauston oʻn yettinchi yil voqealarida bu odamning qoʻllagan yurishlariga besh ketdi. U hokimiyat uchun kurashgan jamiyatlarga hotamtoylik qildi. Ammo oʻzi hokimiyatga intilmadi — chetda turdi. «Men boyman, men hukmdor boʻlaman», deganlarning nechtasi in-iniga kirib ketdi. Hokimiyat bolsheviklardan tortib olinganda ham bu hoji davlat boshiga intilmasdi. Ikki zavodni uch, uchni toʻrt qilardi. Pul buning qoʻlida boʻlgandan keyin hokimiyat boshligʻi kimning nogʻorasiga oʻynardi? Pul qayoqqa oqsa — baxt shu tomonga oqadi. Mirkomilboy buni boshqalardan koʻra yaxshiroq bilardi. Xauston uning shu ziyrakligiga tan berardi.

Mana hozir ham uning javoblargia lol qolib oʻtiribdi. Xauston bu yerga kelishida aytadiganlarini ming taroziga solib koʻrgan, Mirkomilboyning tuzoqni izlab qolishini ham hisobga olgan edi. Oʻylay-uylay Angliyaga, oʻgʻillari huzuriga borishni tuzoq oʻrnida ishlatishga qaror qildi. Oʻylagani toʻgʻri boʻlib, hoji ilindi. Shu sababli ham Xauston uning shartiga koʻna qoldi. «E, boy, — deb oʻyladi u, — makrning ham chegarasi bor. Xaustonni laqillatadigan sharqlik hali dunyoga kelmagan. Sen yurtni toʻrqovoqdagi bedana deb oʻylaysan shekilli. Bugun toʻrqovoqni Peterburg qoʻlidan olib bizga in’om etmoqchisan. Lekin bilib turibman, uni ertaga Istambulga uzatishdan toymaysan. Buyuk Britaniya bogʻidagi toʻrqovoqlarning birida Hindiston, ikkinchisida Eron, uchinchisida Afgʻoniston sayrab turibdi. Xotiring jam boʻlsin: Turkiston ham ular yonida umrbod qoladi. Angliya qudrati qayoqda-yu, sening xomxayoling qayoqda!..»

Xauston shomda oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Uni hovligacha kuzatib chiqqan Mirkomilboy xayrlashish uchun uzatilgan qoʻlni olib, darrov qoʻyib yubormadi.
— Janob Xauston, siz oʻgʻillarimning taqdirini pesh qilib, bu oʻyinni yutdim, desangiz yanglishasiz. Mening oʻgʻillarimdan koʻnglim toʻq, ular xor boʻlmaydilar. Nazarimda, afgʻon amirini yoʻldan qaytarish sizga juda zarur. Buning uchun oʻgʻillarimni garovga qoʻyishdan qaytmadingiz.

Xauston ishtoni yirtiqligi ma’lum boʻlib, siri ochilgan odamday shoshib qoldi. E’tiroz bildirmoqchi edi, boy ogʻiz ochirgani qoʻymadi.
— Men amir bilan muzokara yuritishga tayyorman. Ammo bilib qoʻying: oʻgʻillarimni Kobulda koʻrganimdan keyingina ishga kirishaman. «Mirkomilboy qoʻrqyapti», deb oʻylamang. Nimadan qoʻrqaman, bir boshga bir oʻlim. Xohlasam, siz aytganday Angliyoga joʻnavorishim ham mumkin. Sizning boylaringizdan kam emasman. Ammo... — hoji tin oldi, — men umrim boʻyi koʻp narsalar bilan savdo qilganman. Foyda tushadigan joydan qaytish yoʻq. Lekin... yurtimni savdoga qoʻyishni sira oʻylamaganman. Shu fikr xayolimga kelgan boʻlsa, kalomullo ursin. Endi men bilan ish yuritganingizda shularni hisobga olib qoʻying...

Mirkomilboy shunday degach, mehmonning qoʻlini bir siltab, qoʻyib yubordi. Xauston tang qotdi: bu oʻsha, oʻzi bilgan boymi? Uning zehniga yuqori baho bergan edi, ammo bu darajada boʻlishni kutmovdi. Chindan ham boy bilan endi teppa-tengiga muomala qilishi kerakmi? Ba’zan shunaqa yon bosishga ham toʻgʻri keladi. Nachora!

Muhiddin Xaustonning orqasidan soyadek ilashib, Eskijoʻvagacha bordi. Mehmon izvoshga oʻtirgandan keyin bir oz sabr qildi-da, soʻng izvosh kira qilib, uning izidan joʻnadi. Xaustonning uyiga xojasi bilan ketma-ket yetib bordi.

Unga qarab turib, Xauston oʻzicha mamnun boʻldi. Bu ayiqdy yigitni Qoʻqonda Ergashning changalidan tortib olgan edi. Hamma Qoʻqon dardida yurganda bu yigit Ergashga atalgan qiz bilan ovora boʻlibdi. Qoʻrboshining qahriga uchragan odamning birontasi shu paytgacha tirik qolgan emas. Muhiddinning qismati ham shu boʻlardi. Baxtiga shu inglis oraga tushdi. Mana bir yildan oshdi, Muhiddin xizmatlarini beminnat ado etib yuribdi. Nechta odamning kallasini olib bir tuki qilt etmagan bu yigitga qarab turib, ba’zan Xaustonning yuragiga qoʻrquv oralardi: bu xumday kalla ichida nima xayol borligini qaerdan bilsin? Otasini chavaqlashdan toymaydigan odamdan har narsani kutish mumkin. Shu sababli ham Xauston unga hamisha yumshoq gapiradi. Koʻnglini ogʻritmaslikka harakat qiladi. «Choʻpni xor tutma, koʻzingga sanchilur», deb bekorga aytmaganlar-ku, axir!

Koʻrinishi qahrli boʻlgan bu inglisning yaxshi muomalada yurishi Muhiddinga ta’sir qilgan edi. U Ergash qoʻrboshining odam bolasi bajarishi mushkul boʻlgan yumushlarigacha eplab kelardi. Ammo yaxshi gap eshitmasdi. Qoʻrboshi juda erib ketgan taqdirda: «Obbo zangʻar-e, boplabsan», deb qoʻyardi. Xizmatlarining oqibati nima boʻldi — jonini bitta qizga olmadi. Bu inglisni Xudo yetkazdimi, bilmaydi, har holda shu odam boʻlmasa bitta qizning oh-vohiga jonini tikib, bu dunyodan koʻz yumib ketaverardi. Muhiddin Xaustonni avval xaloskorim deb sigʻingan boʻlsa, endi uni avliyoday aziz koʻrardi. Yaxshi gap bilan ilon inidan chiqadi, deyishadi. Buni qarangki, yaxshi gap bilan kallakesarning ham yuragini zabt eta olish mumkin ekan.

Muhiddin uy ostonasida toʻxtab, amr kutdi. Kutilmaganda Xauston yonidan joy koʻrsatib, «oʻtir», dedi. Muhiddin chang etigi bilan gilamni bosib oʻtib, koʻrpachaga chordana qurdi. U har safar shunday qiladi. Har safar Xaustonning gʻazabi keladi. Ammo indamaydi: gilam jondan aziz emas-ku!
— Bir yumush bor, — dedi Xauston. Muhiddin unga baqrayib tikilib qaradi. Bu qarashga inglis dosh berolmay nigohini chetga oldi. — Bir odamning doʻppisi kerak.
— Shuning oʻzimi! — dedi Muhiddin yayrab jilmayib. — Qoʻlimdan kelmaydigan ishmikan, depman. Oʻsha odamni ayting, boshini olib kelay, doʻppisini oʻz qoʻlingiz bilan oling.
— Sen Xudo yarlaqagan odamsan. Olloh yomonlarning jonini sening qoʻling bilan oladi. U dunyo-bu dunyo kam boʻlmaysan. Shu ishni qilganingdan soʻng, istasang, uch-toʻrt kun Fargʻonangga borib kel, keyin olis safarga joʻnaysan.
— Fargʻonada menga nima bor, xoʻjayin, siz qaerda boʻlsangiz men ham shundaman.
— Qoyilman, senga. Qulogʻingga quyib ol: Mirobod mahallasiga borasan. Asadulla Mira’lam deganni topasan. Uyi boloxonali deyishadi. Boloxonasida dahriy tomoshalar koʻrsatarkan, topishing oson boʻladi. Ammo ehtiyot boʻl: ovoz chiqmasin. Bolsheviklarning kerakli odami u. Doʻppisini olishga urinma. Kuli koʻkka uchsa ham mayli. Undan nom-nishon qolmasligi kerak. Bu ishni qoyillatganingdan keyin Mirkomil hoji otang bilan safarga joʻnaysan.

Muhiddin, angladim, deganday oʻrnidan turib, qulluq qildi. Belbogʻi orasidn oshiq olib, «gardkam!» deb gilamga tashladi-da: «Yo Jamshid, nafasingdan!» — deganicha tepdi. Oshiq yumalab borib olchi turdi. Xauston kulumsiradi. Muhiddin har safar shunday qiladi. Har safar oshiq olchi turgach, koʻngli xotirjam boʻlib, xizmatni ado etishga joʻnaydi.

U oshiqni olib, oʻpib qoʻydi-da, yana belbogʻiga qistirib, Xaustonga qaradi.
— Xoʻjayin, picha aqcha kerak.

Xauston uning maqsadini darrov fahmladi; u pulni oladiyu Kallaxonagami, Langargami boradi. Oshiq tepib, avval atayin yutqizadi, keyin qimorbozlarning xonumonini kuydirdi. Keyin qarzga botgan, xotini yoki qizini yutqazgan besh-olti chapanini ishga soladi. Bir falokt bosib ish pachava boʻlsa ham shularning oʻzi balogardon. Mol egasiga oʻxshamasa xarom oʻladi, deganlaricha bor. Muhiddin ehtiyotkorlikda xoʻjasidan qolishmaydi. Xauston mana shunisidan mamnun.

3

Chaqirilmagan mehmon chiqib ketgach, boyning yuragiga yana gʻashlik oraladi. U Makkai mukarramaga otlangan chogʻida Asadulla bilan birinchi bor uchrashgan edi. Jadidlarning faollaridan hisoblanmish bu yigit Sebzordagi shu uyga kelib, boyga «Adabiyot yoxud milliy she’rlar» degan kitobini taqdim etgan, oʻzbeklarga yangicha saboq berish, dunyoviy ilmlarni oʻrgatish haqida kuyunib gapirgan edi. Mirkomilboyga uning jonkuyarligi yoqib, soʻragan narsasini — yangi usul maktabga atalgan hadya pulni berib yuborgan edi. Keyinroq Asadullaning boshqa yoʻlga kirganini bilib, astoydil afsuslandi. Shunga qaramay «Sibirdan esi kirib qaytgandir», deb «Shoʻroyi islomiyaning gazetini shunga topshirishni taklif qildi. Bu gazitda Asadulla din ahli orasidagi johillarning sharmandasini chiqarganini ma’qulladi. Chunki ayrim din arboblarining millatni jaholatga tortuvi unga yoqmas, ular qoʻlidagi hokimiyatning biron nimaga erishuviga ishonmas ham edi. Uning fikricha, din arboblarining siyosatga aralashuvi ishni faqat buzar edi. Asadulla ham, doʻsti Mirmuhsin ham buni yaxshi anglab, dindorlarning ayblarini fosh etdi. Oʻshanda «Ulamo»ning hukmini eshitib, Mirkomil hojining yuragidagi bir tomir uzilganday boʻlib edi. «Bir odamga oʻlimni ravo koʻrmoq bunchalar oson. Bir odam oʻlgani bilan bu «Ulamo» gurkirab yashnab ketadimi? Yo bir odamning oʻlimidan soʻng hayot chiroyliroq boʻlib qolarmidi? Bir-birovimizni shu zaylda qirib, ado etamizmi? — deb oʻylagandi u. — Bir qavm oʻzaro qirgʻin boshlasa ular orasida gʻolib boʻlmaydi. Nodonlar nahot buni anglamasalar? Mushriklar Rasulullohni haqoratlar qilganlari yetmay, tosh otib, ozor yetkazganlarida ham, muhtaram afandimiz ularni oʻlimga hukm etish u yoqda tursin, hatto duoyi bad ham qilmagan ekanlar. Bu nodonlar esa birgina haq gapga chiday olmasdan bema’ni fatvoga qoʻl ochib oʻtirsalar... Oqibat ne boʻlar ekan endi...»

Oqibat shu boʻldiki, ulamolar hukmining ijrosi endi Xauston istagi bilan amalga oshmoqchi. Balki ulamolar bu qarordan ogoh emasdirlar. Asadulla oʻldirilgach, «Jazosini Ollohning oʻzi berdi», deb qoʻya qolishar... Boyning koʻngli shundan xijil boʻldi. Asadullani xavfdan ogoh qilish fikri ham tugʻildi. Ammo boshqa bir kuch uni toʻxtatdi: «Xalqni mendan kam yaxshi koʻrmas edi. Lekin boshi gangidi. Yoʻlga koʻndalang turib qoldi. Taqdiri shu ekanda. Menig yoʻrigʻimda yurganida koʻproq savobli ishlar qilarmidi... Shunday millatparvar odam nobud boʻlib ketaveradimi... Attang... Nima boʻlsa ham endi gunoh «Ulamo»da...» — deb notinch koʻnglini ovutdi. Faqat nohaq hukm chiqarganlargina emas, bu hukmning ijrosini befarq kuzatguvchilar ham Yaratgan huzurida gunohkor ekanligini fahm etmadi.

Mirkomil hoji Asadulla bilan oxirgi marta Osipov isyonidan keyingi gʻalagʻovur kunlarda koʻrishgan edi. Osipov otib tashlagan komissarlar orasidagi bittagina oʻzbekning tasodif bilan tirik qolishi bolsheviklarga mahalliy millat vakillarini xoinlikda ayblashga bahona boʻldi. Yangi ijroqoʻmdan uni chiqarib, Asadullaning saylanishi Mirkomil hojiga xush kelmadi. Asadullani yoʻqlatib, bu yoʻldan qaytarishga undamoqchi boʻlganida uning oʻzi kelib qoldi.

Shaharni ikkiga boʻlib oquvchi Oʻrda suvining soʻl tomonida yashovchilarning ahvoli nochor ekanligini bayon qilib, oziq-ovqatdan koʻmak berishga da’vat etdi. Mirkomil hoji uning jonkuyarlik biln aytayotgan soʻzlarini diqqat bilan tinglab, javob berishga oshiqmadi. Asadulla ham uni shoshiltirmadi.
— Oʻrdaning bu tomonidagi eski shahar aholisining ahvoli ham nochor, afandim, — dedi hoji Asadullaga sinovchan tikilib. — Ular ham allaqachondan beri bir tishlam nonga zorlar.
— Bilaman, — dedi Asadulla, yengil xoʻrsinib. — Ammo, eski shaharliklarning dasturxonida ozgina boʻlsa ham turshakmi, yongʻoqmi, nonjiydami — har holda bor. Bugʻdoyga oʻroq tushadigan paytga eson-omon yetib oladilar, Xudo xohlasa.
— Afandim, bu lafzingiz ajab gʻaroyib boʻldimi, a? Agar Oʻrdaning narigi tomonidagilarning dasturxonida turshagu jiyda boʻlmasa eski shaharliklar aybdormi? Bugʻdoyni nonga ishlatmay, achitib aroq haydayotgan boʻlsalar-chi? Agar mening imkonim topilguday boʻlsa, koʻmakni eski shaharga beraman. Ortsa... yana oʻylab koʻrarman...
— Taqsir, hozir ayirmachilik qiladigan payt emas,— dedi Asadulla tanbeh ohangida.
— Topib gapirdingiz, afandim. Ayrimachilikdan hech zamon yaxshilik kelib chiqmagan. Buni ijroqoʻmdagi birodarlaringiz ham bilisharmikin?
— Bu soʻzlaringizdan maqsadingizni anglamayroq turibman?
— Ayrimachilarning eng ulugʻlari komissar1laringiz-ku? Sizni yoʻqlab, bir fikr bildirishni niyat qilib yuruvdim, niyat xolis ekan, oʻzingiz keldingiz. Endi shu fikrimni aytay: Markaziy ijroqoʻmda Nizomiddinxoʻja oʻrniga boʻluvingiz menga sira-sira xush kelmadi. Balki siyosat bobida aqlim qosirdir, ammo shu kalta aqlim deydiki: siz oʻris va yahudiy komissarlarning aniq maqsadlarini durust fahmlamay ularning nogʻorlariga oʻynamoqlikni lozim koʻryapsiz?
— Ularning maqsadlarini siz fahmlaysizmi? Bilsangiz ayting?
— Afandim, sizning zehningiz menikidan oʻtkirroq. Xudo sizga aqldan bergan: oʻylang-chi, bu yurt bizniki boʻlsa-yu, yurtni boshqarishga tayin qilinmish Markaziy ijroqoʻmda bittagina oʻzbek boʻlsa? Boshqalari oʻrusmi, yahudiymi, yana kimlar.. qaysi aqlga sigʻar ish bu? Ular bizlarni oʻzlarining xohishlari bilan boshqaradilar. Ehtiyotdan bitta oʻzbeknimi yo qozoqnimi saflarida ushlab turadilaru bir falokat yuz bersa oʻzlari oppogʻu oʻsha oʻzbekmi qozoqmi balogardon. Misol kerakmi? Osipov isyonida Nizomiddinxoʻjaning ishtiroki yoʻq esa-da, uni aybladilar. Ertaga Oʻrdaning u betida bitta odam ochdan oʻlsa yoki ochlar gʻalayon koʻtarsa sizni ayblaydilar. Sizga maslahatim, ijroqoʻmdan chiqing, qanaqangi noma’qul buzoqning goʻshtini yegilari kelsa oʻzlari yeyaversinlar. El-yurt oldida ham javobni oʻzlari bersinlar.
— Siz aytayotgan yoʻl maqbul emas, taqsir. Biz ijroqoʻmdan chiqishni emas, unda koʻproq oʻrin egallamoqni oʻylashimiz kerak.
— Oʻychi oʻyiga yetgunicha tavakkalchi uyiga yetadi. Ertaga aldangan goʻl bola holiga tushib qolib, yigʻlab yurmasangiz edi, deb qoʻrqaman. Oq podsho bir burda boʻlsa ham non berib turardi. Bolsheviklaringiz shuning evini ham qilolmayapti. Nahot sizga shu nochorlik yoʻli maqbul boʻlsa? «Oh, millat, millat!» — deb yurib, millatni xorlikka boshlamayapsizmi?
— Siz oq podshonning zamonini qoʻmsayapsizmi?
— Xudo saqlasin! Xossatan, u zamon menga ma’qul koʻrinar. Boyligimga boylik qoʻshilgan zamonlar edi. Ommatan esa u ham xorlik zamoni edikim, buni tan olaman. Yana ommatan shuki, podsho zamoni ham, sizning zamonangiz ham bir goʻr — xalqqa nur bermaydi. Siz orzu qilgan millat erki sarobligicha qolaveradi.
— Aybsitmang, taqsir, sizga bir toʻgʻri gap aytay: mol-dunyodan ayrilib, koʻzlaringiz picha xira tortibdi. Shoʻrolarning afzalligini mutlaqo koʻrmayapsiz.
— Ajab, ajab, — dedi Mirkomil boy, — koʻrmaganimni koʻrsating-chi?
— Ovrupoliklar Amriqoni zabt etganlarida yerlik xindularni choʻlu biyobonlarga, togʻu toshlarga koʻchirib, unumdor yerlarni egallab olgan ekanlar. Oq podsho ham shu usulni qoʻllashni ihtiyor etgan edi, bundan bexabarmisiz? Oʻzbeklarning qismatida yerlarini mujiklarga boʻshatib, choʻllarga chiqib ketish yozilgan ekan. Bolsheviklar bunga barham berdilar-ku?
— Daganingiz vaqtincha chora, afandim. Qarab turing, zamonni tinchitib olishgach, yana oq podshoning yoʻliga qaytadilar. U zamonlarda balki siz bilan biz boʻlmasmiz. Men avlodlarimizning «Otalarimiz juda nodon boʻlgan ekanlar», deyishlaridan xijolatdaman. Siz mol-dunyoni tilga oldingiz, a? Ha, zoxiran «mol achchigʻi — jon achchigʻi» boʻlib koʻrinadir. Biroq, inoning afandim, qoʻldan ketgan boylika armon qilmasman. Boylik kimga baxt beribdiki, menga vafo qilsa. Olloh lozim koʻrib bu boylikni omonatga bergan ekan, istadi-yu, qaytarib oldi-qoʻydi. Berganda shukur qilib edim. Endi ham shukurdaman, qiyomatdagi hisobim osonlashdi. Mendan koʻra xorlanganlar bor, nochorlar bor. Oʻshalardan qilmaganiga shukur. Siz mulla odamsiz, Ollohning muqaddas kalomlarini bilasiz, Qudsiy hadisda marhamat qilinishicha, Yaratgan egam deb emishki: «Ey Odam farzandi, senga uch narsani ihtiyor qildim: ya’ni, oila ahlingni, molu dunyoyingni va amalingni. Ammo, mol-dunyoying sen oʻlib, oyogʻing yerdan uzilishi bilan ortingda qoladi. Oyogʻing uydan chiqishi bilan oilang ham ajralib qoladilar. Keyin qabrda boʻlasan. Qiyomat kunida faqat yaxshi amaling foyda beradi. Amaling tuzuk boʻlsa seni ham tuzatib qoʻyar, agar yomon boʻlsa, seni halok etguvchi yerga topshirar...» Afandim, bayonda xatoga yoʻl berib qoʻymadimmi?
— Xato-ku qilmadingiz, biroq, «yaxshi amal» deganingizga nochorlarga yordam berish ham kiradi. Bu mas’alada kofirmi-musulmonmi qaralmaydi.
— Bu gapingiz durust. Maqsadingizni anglaganday boʻlib turibman: Rasululloh kofirlarga xayr-ehson qilishni buyurganlar, lokin bosqinchilarga emas. Agar siz aytayotgan nochorlar Oʻrdaning u betida emas, oʻzlarining ota yurtlarida boʻlsalar edi, bizlarni bosqin qilmasalar edi, ularga soʻnggi tishlam nonimni yuborib, oʻzim ochdan oʻlishga ham tayyor edim. Shunday qilmasam, meni musulmon demang edi.

Bu gapdan keyin Asadulla yana shoʻrolarga ishonmoq mumkinligini, istiqbolda toʻkin va ozod hayot chiroyli jilmayish bilan kutmoqda ekanini ishontirmoqqa urindi. Mirkomil hoji bu eski gaplarni toqat bilan eshitdi. Hamsuhbati soʻzlamoqdan tingach:
— Koʻryapmanki, aqidangizga sobit ekansiz. Sizni aqidangizdan qaytarmoqqa urinish — shamolga qarshi qichqirish kabi boʻlsa-da, musulmonlik burchimga rioya etib, ogohlantirmogʻim shartga oʻxshaydi: bilarsiz, Olloh demish ekanki: «Ey bandam, agar menga bir qarich yaqin kelsang — men senga bir quloch yaqinlshaman. Agar menga qarab sekin yursang — men senga qarab qattiqroq yuguraman». Ojiz fikrim deyapti-ki, siz bir qarich yaqin yurish oʻrniga tobora qochyapsiz. Yaratgan egamdan uzoqlashmoqning oxiri xayrli emasdir. Shundan ogoh boʻlsangiz bas...

Bu gaplarning toʻgʻriligiga Asadulla amin boʻlsa-da, hamsuhbatidan eshitish malol keldi. U suhbatdan norozi ekanini yashirmay dedi:
— Sizni avvaldan bilmaganimda «dushmanim yana bittaga koʻpaydi» deb qaytardim. Vaqti kelib hammaslak boʻlarmiz, degan umidim bor edi. Har holda siz xalqning qismatiga befarq emas edingiz?
— Siz bilan hammaslak boʻlmoqlik meningda umidim edi. Afsusim shuki, siz nojoʻya qirgʻoqni tanlab qoʻydingiz. Savohil ayri-ayri, yoʻllarimiz ayri-ayri ekan, nachora...

Mirkomilboy Asadulla bilan boʻlgan shu suhbatni eslab: «Oʻshandayoq paymonasi toʻlgan ekanda, oʻsha koʻrishuvimiz oxirgisi ekanda. Endigi diydor qiyomatdami? Ya Robbim, adashgan musulmon bandalariga oʻzing rahm qil», deb qoʻydi.

Ikkinchi bob - Xayrli Saboh

1

Dunyoni toʻrt yil behalovat qilgan urush barham topdi. Janglar Yevropa yerlarida oʻtgani bilan uning nafasi Osiyoga ham yetib kelgan edi. Afgʻoniston amiri Habibulloxon Germaniyaning magʻlub boʻlgani haqidagi xabarni eshitib, toʻgʻri yoʻldan ozdirmagan Yaratganga shukrlar qildi. Berlindan Kobulga qadar mashaqqatli yoʻlni bosib kelgan nemis elining elchilari qanchalik urinmasinlar, qanchalik va’dalar bermasinlar, Afgʻonistonni Hindiston sari qoʻshin tortib, Angliyaga qarshi urush boshlashga koʻndira olmagan edilar. Aniqrogʻi, Habibulloxon koʻproq Angliyaning va’dasiga ishongan edi. Ana endi hisob-kitob vaqti yetdi: Afgʻoniston urushga aralashmadi, shuning hisobiga xazinasi toʻladigan boʻldi.

Hisob-kitob vaqti yetganini faqat Afgʻoniston amiri emas, balki Germaniyaga qarshi urushgan yigirma yetti davlat rahnamolari ham anglab, magʻlubning boyliklarini talash boʻyicha oʻzlaricha reja tuzardi. Gʻolib davlatlarning rahbarlari Parijdagi uchrashga tayyorlanayotgan onlarda Kobulda saroy ahli amirning Jalolobodga, qishlik qarorgohiga joʻnashiga tadorik koʻrar edi. Amir Parijda dunyo ahamiyatiga molik masalalar hal etilajagidan xabardor edi va shu bois mazkur yigʻindan ham foydalanishni reja qilgandi. U yaqinlari bilan kengashib, Angliyaga noma yuborishni lozim topdi. To ulugʻ davlatlar Parijga toʻplangunlaricha Angliya Afgʻonistonning talabini mulohaza qilib koʻradi. Yoʻq desa, oʻziga qiyin, amir Parijga borishga ham tayyor. Uning bu qarori faqat oʻzigayu Yaratganga ayon. Shu bois ahdning qat’iyligi xususida fikr bildirish qiyin.

Hozir amirning qoʻliga Hindiston noib-qiroliga joʻnatilajak maktub qoralamasini tutqazdilar. Habibulloxon unga koʻz yugurtirdi:

«...Ma’lumingizkim, Jahon muhoribasi avvalida Almmon vakillari Buyuk Afgʻoniston tufrogʻiga bosh urib kelib, afgʻon elini Almoniya hamda turk eli tomonida turib, Jahon muhoribasiga kirmoqgʻa undagan edilar. Buyuk Afgʻonistonga koʻp va’dalar in’om etilgani inobatga olinmay, ziyo al-millat va-d-din jannatmakon padarim amir Abdurahmonxon tomonidan Buyuk Ingliston hukumati ila imzolangan bitimga sodiq qolishni lozim topib, Almon vakolasini yurtimizdan badargʻa qildik. Bizning bu qarori oliyimiz Buyuk Inglistonga xush kelib, Buyuk Afgʻonistonni taqdirlash xususida va’dalar in’om qilib edi. Ya’nikim, muhoriba tugagach, Buyuk Ingliston hukumati Buyuk Afgʻoniston xazinasiga ellik million rupiy bermagi lozim edi. Bu — birlamchi.

Ikkilamchi: Buyuk Ingliston Buyuk Afgʻonistonning barcha muammolar borasida mustaqil hukm chiqara olishiga imkon berish xususidagi oʻz va’dalariga amal qilib, Farangistonga jam boʻlajak hukumatlarga murojaat etsa, Buyuk Afgʻonistonning hurligi, erkinligi, shuningdek, mutlaq mustaqilligini, ya’ni inon-ixtiyorimizni oʻz qoʻlimizga toʻla beriluvi, kelgusi zamonlarda ham bizning ishlarimizga aralashuvdan, afgʻon eliga ziyon-zahmat yetkazuvdan oʻzlarini tiyajaklarini e’tirof etuvchi yorliqlarni olib, menga yuborsa — nur alannur. Bil’aks, Buyuk Afgʻonistonning oʻzi Farangiston qurultoyida ishtirok etmakni lozim koʻrib, qurultoy ahliga oʻz haq-huquqlarini anglatadi, Tangri taoloning inoyati ila Buyuk Afgʻoniston hukumatiga mutlaq mustaqillik in’om etuvchi yorliqlarni ola biladi...»

Amir maktubning soʻnggi jumlasini qayta-qayta oʻqidi. U qariyb yigirma yil badalida Angliya nomiga bunday keskin ohangdagi maktub bitmagan edi. «Bu talablar Inglistonning qahrini qoʻzgʻatadi. Soʻng oqibat nima boʻladi?» Habibulloxon ijobiy javobga ishonmas edi. Qaysi nodon arslon panjasidagi oʻljasini ozodlikka chiqarib yuboribdi? Balki qorni toʻq sher oʻljasini bir oz erkin qoʻyar, ammo oqibat nima boʻlishi tayin-ku?! Angliya rad javobi bergach (umuman, javob qaytarishni lozim koʻrmasa-chi?), amir ahdida turib Parijga bormogʻi ham mumkin. U oʻylagan ishining haqligiga ishonsa, hech nimadan qaytmaydigan qaysar odam. Parijga borishga-ku boraveradi. Ammo mustaqillik yorligʻiga qanday erishadi? Parijga jam boʻlganlar uning soʻzlariga quloq osadilarmi yoxud Angliyaning da’volarigami? Amirni shu jumboq qiynardi. Shu jumboq maktubga muhr bosishga toʻsqinlik qilardi.

Shu oʻyda oʻtirganda ukasi Nasrulloxon kirdi. Amir bu safar Kobulni uchinchi oʻgʻli Omonulloxonga topshirib ketayotgan edi. Nasrulloxon amirni bu fikrdan qaytarmoq qasida unga roʻpara kelib «Omonulloxon oʻzboshimcha, u sizga nisbatan padarazanning yoʻlini afzal biladi. Omonulloxon biron-bir gʻalvani boshlab qoʻymati ham mumkin... Poytaxt moʻmin-qobil taxt vorisiga, toʻngʻich oʻgʻilga qoldirilgani ma’qulmikin...» dedi. Amir ukasining uzundan-uzoq gaplarini indamay eshitdi. Nasrulloxon jim boʻlishi bilan javobni hayalltmadi:
— Biz farmon berganmiz...

Boʻlak gapga hojat yoʻq edi. Nasrulloxonga akasining odati ma’lum. Akasiga roʻpra kelishning befoydaligini bilsa ham, chiqmagan jondan umid degan oʻy bilan kirgan edi. Boʻshashib iziga qaytdi.

Habibulloxon ukasining izidan qarab gʻijindi. «Omonullodan qoʻrqadi. Unga Inoyatulloning bayovligi ma’qul. Istagan yoʻrigʻiga soladi. Omonullo bunday emas. Mendan keyin jonini olsa-Omonullo oladi. U shundan xavotirda...»

Amir maktubga yana bir koʻz tashladi-da, uni nari surdi. «Fursat bor hali. Mulohaza qilmoq darkor». U mazkur harakati bilan maktubni emas, balki sirli qotillik onini nari surdi. Shu boʻyi amir maktubni yana bir oydan keyin, yoʻlbars ovidan xushnud qaytganida qoʻlga oladi. Ajabtovur dadillik bilan muhr bosadi. Bu dadillik hayotiga nuqta qoʻyajagini, maktubi oxir-oqibat umuman javobsiz qolib ketajagini bilmaydi. Hatto umrining soʻnggi soatlarida, orom olmoq uchun chodiriga kirib ketayotganida ham buni oʻylamaydi...

Hali bu voqealarga ancha vaqt bor. Hozir u Kobulda. Ertaga Afgʻonistonning kunchiqaridagi suluv Jalolobodga joʻnaydi.

Ukasi chiqib ketgach, uning gaplarini mulohaza qilib koʻrib, oʻgʻlini chaqirishni lozim topdi.

Amirzodaning qaddi-basti otasiga oʻxshardi: oyoqlari gavdasiga nomutanosib — sal kaltaroq edi. Shunga qaramay, u otasiga nisbatan chaqqon, serharakat edi. Amir semirib ketgani sababli gavdasidagi nomutanosiblik aniqroq sezilardi. Badaniga yopishib turuvchi harbiy kiyimi, belidagi tilla bezakli enli kamar goʻyo uni yoniga oʻsishdan toʻxtatib turuvchi vositaga oʻxshardi. Tilla popukli pogon, koʻkragidagi har biri oʻn yashar bolaning shapalogʻiday keladigan nishonlar esa uni pastga bosib turganday edi. Kalta qora soqolli amir ogʻir-ogʻir qadam bosardi.

Amir xonaga chaqqon qadamlar bilan kirib qulluq qilgan oʻgʻlini koʻrib, jilmaydi. Tikilib qaraganda har qanday odamni dovdiratib qoʻyadigan oʻtkir nigohini oʻgʻliga qadadi. Uning koʻzida gʻazab ham, tashvish ham yoʻq edi. U goʻyo sogʻingan odamiga qarab toʻyib olmoqchiday tikilardi. Omonullo otasining bu holatiga tushunmay, taraddudlandi. Yuqoriga qayrilgan kalta moʻylabini silab, yerga qaradi.
— Poytaxtni senga, seni Xalloqi olamga inonib ketyapman, — dedi nihoyat amir. — Ammo xavotirim bor, — amir shunday deb oʻgʻliga savol nazari bilan tikildi.
— Nimadan? — dedi amirzoda ajablanib.
— Yengilsan. Boshboshdoqlikka moyilsan. Hukmni oʻtkazmoqda ojiz boʻlib qolmasmikansan? Hukmni oʻtkazmoq uchun qattiqqoʻl, ogʻir boʻlmoq darkor. Koʻngilboʻshlik fuqaroni toʻzitib yuboradi.
— Odillik-chi?

Amir oʻgʻliga yaqinlashib, uni ikki yelkasidan ushladi:
— Davlatning ustvori — odillik. Amir — Ollohning yerdagi noibi. Tangri yoʻlidagi odillik ila qattiqqoʻllik qilmoq esa burchimiz. Afgʻoniston — xudodot mamlakat. Islomni gʻayridinlardan xalos etmoq uchun Olloh marhamatini darigʻ tutmay Afgʻonistonni tanlagan. Buni unutma.

Habibulloxon yumshoq kursiga oʻtirib, oʻgʻliga joy koʻrsatdi.
— Ollohning majburiyatini anglaganman, ammo uni amalga oshirish yoʻllarini bilmakka aqlim qosirlik qilyapti, — dedi Omonulloxon, otasi yoniga omonatgina oʻtirib.
— Dunyo qalqib turibdi. Biz ehtiyotkor sayyod saydini poylagani kabi gʻazavotga koʻtarilish onini kutamiz. Inglistondan va’da qilingan pullarni undirgach, miltiqlar, zambaraklar sotib olamiz.
— Pushtular bizdan yarogʻ kutishyapti. Jihodga chorlashyapti. Afgʻonistonning badaniga qilich boʻlib tushgan Dyurandning shartnomasi uch million afgʻonni bizdan ayirib turibdimi? Bu qilich yigirma olti yildan beri qabilalarni qon qaqshatyapti-ku? Afgʻoniston xudodot mamlakat boʻlmogʻi uchun avval shu qilichni sindirib tashlash kerakmasmi?

«Padarzanining sabogʻi». Shu fikr xayoliga urilib, amirning yuzida zaharli jilmayish zohir boʻldi.
— Tentak. Aqling chindan ham qosir. Bizning roʻparamizda boʻri turganda bir navi edi, ammo sher turibdi, anglayapsanmi, sher!!!
— Fikri ojizimcha, sher — hayvonlar shohi. Odamlarga hukm oʻtkazmoqchi boʻlgan sher mahv etilmogʻi shart.

Habibulloxon oʻng qoʻliga tayanib, oʻrnidan turdi.
— Sherni mahv etmoq... Men buni istamas ekanmanmi? Sher uch-toʻrt yuz minglik lashkari bilan bir hamla qilsa, Peshavordan Kobulga qanday yetib olganini bilmay ham qolasan. Shimolda Mashhaddan Koʻshkka yurish boshlasa quduqqa tushganday boʻlasan. Bugun boshlangan gʻazavot Afgʻonistonning mahv etilishi bilan tugashiga shubham yoʻq. Sherni qarib, kuchdan qolgan deysanmi? Unga Almoniya bas kelolmadi. Rusiyaning yangi hukumati bas kelolmayapti... Yengilsan, goʻdaksan... Kobulni qanday qilib senga ishonib topshiryapman, oʻzimning ham aqlim lol.

Amir bir qoʻlini beliga qoʻyganicha jimib qoldi. «Ajab, kuyunchaklik bu oʻgʻlimga kimdan yuqdi? Vorisim boʻlmagani holda yurt taqdiriga buncha tashvishlanadi? Yo taxtdan umidvormi? U holda mendan keyin ogʻa-inilar... Jihod u yonda qolib... Nasrulloning tek turmasligi aniq. Ajab... Ajab... Mahmudbek Omunulloga shu qadar kuchli ta’sir oʻtkazdimi? Sezmabmidim? Inoyatullo Mahmudbekning toʻngʻich kuyovi. Unda Omonulloning fikrlari shijoati yoʻq-ku?.. U begʻamlikni qaerdan yuqtirdi?..»
— Mendan soʻraydigan soʻroving bormi? — dedi amir zarda bilan.
— Sizga sidqidildan xizmatda boʻlish — burchim, burchimni ado etmoqqa bobolarimizning ruhlari yor boʻlgay. Nojoiz soʻzlarim uchun avf etib, gunohimdan oʻting. Safarga otlangan oningizda soʻrashning xosiyani boʻlmasa ham bir oʻtinchim bor.
— Ayt.
— Mavlono Abdul Gʻanini...
— Yoʻq!!! — Habibulloxon keskin oʻgirilib, oʻgʻliga gʻazab bilan tikildi. Omonulloxon otasi koʻzidagi qahrni koʻrib, beixtiyor oʻrnidan turib ketdi. — Aslo!!! — dedi amir dagʻal tovushda. — Kimga jon kuydiryapsan?!
— Ul zotdan men saboq olganman. Sizning lutfingiz ila bunyod boʻlgan «Habibiya»da koʻp zoti oliylarning farzandlariga tarbiya berdilar. Sizga xusumatlari yoʻq edi, inoning menga, sizga bisyor sodiqlar ul zot. Yurtimizga ziyo kelturmakdan oʻzga niyatlari yoʻq edi.

Omonulloxon otam toʻxtatmasin, deb bu gaplarni tez-tez aytdi. Amir buni sezdi. Oʻgʻlining jur’ati ma’qul kelgani boʻlsa ham buni sirtiga chiqarmadi.

Oʻn besh yil muqaddam u Kobulda yangi usulda maktab ochmoq niyatida Hindistondan donishmand muallimlarni chorlagan, amir xizmatiga kelganlar orasida Abul Gʻani oʻtkir zehni, quvvai hofizasi, bilim daryosining chuqurligi bilan diqqatini tortgan edi. Chindan ham u Omonulloxonga koʻp saboq berdi. Amirzodaning fe’lidagi oʻzgarishlar balki oʻsha saboqlarning oqibatidir? Habibulloxon Abdul Gʻanining yangicha fikrli toʻda tashkil etganini, bu toʻdaning amir tutgan yoʻldan norizo ekanini bilib, uni zindonband qilgan edi. Oradan necha yillar oʻtdi. Mahmudbek sardor ham shu uzr bilan bir-ikki yuzlangan edi. Yozdagi suiqasd, soʻngra yaqinda Bogʻi balandga tashlangan poʻpisali maktub boʻlmaganida balki amir oʻgʻliga yon bosardi. Abdul Gʻani tavbasiga tayanibdi, deb ishonib, afv etar edi. Suiqasddan keyin... Poytaxtning gavjum koʻchalaridan oʻtib borayotganida amirga oʻq uzishga jur’at etdilar, fuqaro «ziyo ul millat va-d-din», deb unga sigʻingani holda bir mal’un uning joniga qasd qildi?! Habibulloxon shunisiga chiday olmasdi.
— Padaringga oʻq uzganlarini unutdingmi?
— Axir mavlono Abdul Gʻani oʻn yildan beri hibsdalar?
— Gʻoyasi-chi? — amirning ovozi koʻtarildi. — Gʻoyasi ham hibsdami? Afsus, men bu mal’unlarning jisminigina zindonga tashlab, xumordan chiqibman. Gʻoyalarini quritishni oʻylamabman. Endi... kech, juda kech...

Omonulloxon otasining fe’lini yaxshi bilar edi: endi unga gapirish ortiqcha. Achchiq ustida afv etmoq oʻrniga qatlga amr qilib yuborishi hech gapmas. Shu sababli amirzoda qoʻl qovushtirib, moʻminlik holatida turdi.

Mahmudbek Tarzi kirganida Habibulloxon yumshoq kursida yastanib oʻtirgan edi. Amirning oʻrnidan qoʻzgʻalmaganiga qarab, Tarzi uning noxush kayfiyatini sezdi. Amir hojidoʻppi kiygan, choʻqqisoqol qudasining salomiga alik olib, yonidan joy koʻrsatdi.
— Eshitganingiz bordir, Jalolobodga joʻnayapman. Suyukli kuyovingiz Kobulga noib al hukuma boʻlib qolyapti. Kobulni suyukli kuyovingizga, suyukli kuyovingizni Ollohga inonib topshirdim.

Tarzi kulimsiradi. U amirning kinoyasini tushundi. Buyoqqa kelaturib Omonulloning otasi huzuriga kirib chiqqanidan xabar topgan edi. Ota-bola suhbatining qanday kechgani amirning kinoyasidan oshkor boʻlib qoldi. Shu sababli Tarzi ohistalik bilan gap boshladi:
— Ulugʻ amirim, kuyovlarimnnig har biri men uchun arjumand. Marhamatingiz bilan men amirzodalarga padarzan boʻlish sharafiga yetishibman, ularning har birini koʻzimning oq-qorasi deb bilaman.
— Sardor, soʻzga chechansiz. — Amir shunday deb ayyorona jilmaydi. — Ammo Omonulloni koʻproq yoqtirasiz, tan oling. Sababini aytaymi?
— Ayting, davlatpanoh.
— Amirzodalar ichida Omonulloning zehni boʻlakcha, ahvoli olamga qarashi boʻlakcha. U dunyoga koʻproq sizning koʻzingiz bilan qaraydi.
— Fikri ojizimcha, amirzoda olamga sizning dono nigohingiz bilan qaraydi. U sizning pushti kamaringiz. Afgʻonistonni behad suyishi ham sizdan oʻtgan.
— U taxtdan umidvormi?

Bu savol Tarzini esankiratib qoʻydi. Sermulohazaliligi va aqli donishligi biln shuhrat topgan bu odam amirga tayinli javob qaytarishga taraddudlandi. Bu yerga kelishida amir odatdagiday xayrlashish maqsadida chorlagandir deb oʻylagan edi. Dastlabki kinoyalardan koʻngli noxushlikni sezdi. Endi bu savol... Yana taxt malasida... Nahot ota-bola shu xususda gap yuritganlar?.. Amirning dili gʻash, koʻngli notinch...
— Xoʻsh, sardor, ogʻir jumboq berib qoʻydim shekilli?
— Yoʻq, davlatpanoh, sukutim sababi jumboqning ogʻirligi emas. Meni koʻnglingizga oralagan shubha taajjubga soldi. Taxt vorisi — Inoyatulloxon. Padar amri — vojib deydilar. Omonullo padari amriga zid bormaydi. Bunga imonim komil.

Habibulloxon kulib yubordi. Uning kulgisida shodlik emas, balki zahar zohir edi: yuzi kulsa-da, koʻzlarida sovuq oʻt bor edi.
— Sizni sirtmoqqa tushirib boʻlmaydi, sardor. Ammo bilib qoʻying, mana bular, — amir devorlarga ishora qildi, — devor emas, quloq. Hamma xabar oqib kiradi. Nima edi, — amir istehzo bilan jilmaydi,— javoni Afgʻonistonmi?.. Amirdan norizo yoshlar. Qani, aytingchi, sardor, Habibulloxon Afgʻonistonning boshiga kulfat soldimi? Quvgʻinlarni yurtga qaytarib, gunohga botdimi?
— Umrimiz duoi joningiz bilan oʻtadi.
— Gapimni boʻlmang, men minnat qilayotganim yoʻq... Yangi maktabni Habibulloxon ochgan edi, yodingizdadir? Jannatmakon padarim xat-savodli afgʻonlardan oʻttiztasini saroy xizmatiga chorlagan ekan. Yurt kezib, nechta ilm egasini topishgan? Oʻnta ham topisholmagan, ha! «Harbiya»ni ham Habibulloxon ochib edi, turk zobit1larini chorlagan ham Habibulloxon edi. Oʻzingiz chop etayotgan «Siroj ul axbor» ham Habibulloxon amri bilan yuzaga kelganmasmi?
— Olloh shohid, yurt saodati yoʻlidagi xizmatlaringiz afgʻonlarni baxt yoʻliga olib chiqgʻay.
— Shunday deng... U holda yoshlaringiz nimani istaydi?
— Yoshlarmi? — Tarzi koʻzini amirdan uzib, soqolini siladi.
— Toʻgʻrisini ayting, qahrimdan choʻchimang. Menga haq gap lozim.
— Yoshlar Afgʻonistonni mustaqil koʻrishni istaydilar. Qulay fursat oʻtib ketyapti, davlatpanoh.
— Fursat hali kelgani yoʻq.
— Fursat almon vakolasi bilan birga kelgan edi.
— Shundaymi?.. Fursatni boy berganimga nima sabab ekan? Qoʻrqdimmi?
— Yoʻq, ulugʻ amirim, sababi boshqa: yiliga oladiganingiz ikki million toʻrt yuz ming rupiy va muhoribadan soʻng berilguchi ellik million rupiy...

Amir xona toʻridagi kursi tomon koʻz tashladi. Tarzi aytgan mustaqillikni va ellik millionni talab qilib yozilgan maktub oʻsha yerda turibdi. Habibulloxon bir koʻngli uni qudasiga koʻrsatgisi, soʻng qattiq-qatiq gaplar aytgisi keldi. Lekin «erta, hali erta», degan mulohazaga borib, oʻzini tiydi. Sardor Tarzi unga xunuk ayb taqagan edi. Odatda amirga birov yurak yutib boʻlsa-da, bunday muomala qilolmasdi. Hatto Tarzi ham uning oldida muloyim edi. Endi bu ne hol boʻldi? Habibulloxon uni haqoratlab haydab chiqarsinmi? Amirning shunaqa odati ham yoʻq emas. Biroq hozir oʻzi ham sezmagan holda odatini kanda qilib, oʻzini oqlamoqqa kirishdi:
— Sizdan eshitganlarimni norastalar aytsa ajablanmas edim. Men sakson minglik lashkarim bilan nima qila olar edim? Ikki biqinimga Inglistonning xanjari tiralgan, peshonamda Oʻrusiya zambaragi tursa... Buni yoshlarga siz uqtirishingiz lozim edi. Biz muhoribaga aralashmay yutdik. Koʻp yutdik, ha!
— Endi-chi? Endi peshonamizda Oʻrusiya zambaragi yoʻq-ku? Ular endi bizga doʻst qoʻlini uzatmaklari mumkin.
— Ularning kimligini men hali bilmayman. Oʻrusiya ahli podshohi a’lamni quvgʻin qilibdi, yurtni kambagʻallar soʻrayotgan emish, deb oʻzingiz aytgan edingiz. Qani, bir mulohaza qilib koʻring-chi, oʻz podshohidan tongan el oʻzga amirga qanday marhamat koʻrsatsin?
— Yurtni boshqarayotganlarning kimligi menga ham qorongʻi. Ammo ular Oʻrusiya podshohining barcha nohaq farmonlarini bekor qildilar. Afgʻoniston ila Eronning mustaqilligiga shak keltirmadilar. Musulmonlarga murojaat etib, gʻanimlarning kishanlarini parchalashga, ozodlikka undamishlar.
— Sardor, gazitingizdagi gaplarni takrorlamang. Bu tashviqotlar uchun noibi qirol roʻznomani yopishni talab etyapti. U haq. Siz mening mehrimni suiiste’mol qilyapsiz. Roʻznoma yangiliklar chirogʻi boʻlmay, ikki davlatni barvaqt urishtirib qoʻyadigan vositaga aylanib qolishiga sira yoʻl qoʻymayman, buni uqib oling.

Tarzi, noiloj oʻrnidan turib, qulluq qildi. Habibulloxon unga yaqin keldi:
— Sizni yoʻqlatishimning boisi bu emas. Mening asl maqsadimni siz anglashingiz lozim. Yaratganning oʻzi belgilagan vaqt yetgach, barchamiz jihodi akbarga koʻtarilamiz. Unga qadar Omonulloni tergab turmoq darkor. «Habibiya» atrofidagi, roʻznomangiz atrofidagi yoshlarga tushuntiring: fuqaro orasida barvaqt parokandalik boshlamasinlar. Omonulloni Kobulda qoldirishimdan maqsad — uni sinamoq. Nojoʻya xatti-harakati bilan qahrimga duch kelmasin. Uni nazorat qilib turing. U sizga suyukli kuyov, menga esa... — amir qudasining koʻziga tikilib jilmaydi, — arjumand farzand, ha!

2

Dalv oyi oxirlab, Kobuldagi izgʻirinning kuchi ancha qirqildi. Xut yaxshi kelib, hamalga eson-omon chiqib olinsa, buyogʻi bahor... Demak, amirning qaytishi ham yaqin. Amir Mahmudbek Tarzi bilan ba’zi-ba’zida maslahatlashib turar edi. Ammo xayrlashar chogʻi allanechuk gaplar qildi. Buning sababini Tarzi anglamadi. Umuman, amir yozdagi suiqasddan keyin ancha yurak oldirib qoʻygan. Bir tomonda yoshlar, bir tomonda din peshvolariga orqa qilayotgan Nasrulloxon... Habibulloxon gangib qolgan. Tarzi buni biladi. Bunday onda amir qat’iy qarorini anglatishi lozim, lekin u galga solyapti. Bu bilan oʻz payiga bolta urayotganini nahot sezmasa?! U Inglistondan ham choʻchiyapti. Inglistonning ilgarigi kuchi yoʻq hozir. Shimolda inglisning tinchini Rusiya buzgan. Hindistondagi gʻalayonlardan joni halak. Lashkarining borini Afgʻonistonga tashlay olmaydi. Sarhaddagi qabilalarga qurol berilsa, ular ikki yuz ming askar bilan bosh koʻtarishi mumkin. Amir buni tushuna olmayapti. Unga kim tushuntiradi? Nasrulloxonmi? Amirning gangib turishi unga foyda emasmi?

Tarzi bu muammolar xususida koʻp oʻyladi. Savollar goʻyo katta daryo oʻzani-yu, javob esa irmoqdan jildirab keluvchi suv edi.

U Omonulloxonning xatti-harakatidan ham xavotirda edi. Noib al-hukumaning shahar kezishi amirga xush yoqmaydi, qahrini uygʻotadi. Bunga shak-shubha yoʻq. Ammo Tarzi bundan emas, shahar kezayotgan amirzodaning falokatga uchrab qolishidan choʻchiydi. Kuyovi bugun ham odmi kiyimda yolgʻiz oʻzi shaharga chiqib ketibdi. Oxiri baxayr boʻlsin.

Mahmudbek Tarzi oʻzini ovutish uchun gazetiga tayyorlangan xabarlarni qayta oʻqiy boshlaganida xonaga kuyovi kirib keldi.
— Xorun ar-Rashidning safarlari qutlugʻ oʻtdimi? — dedi Tarzi kinoya bilan.
— Sovar1larda boʻldim, Ingliston sari ot qoʻyishga tayyor ular.
— Inglistonni birgina risale2 bilan mahv eta olish mumkinligini bilmagan ekanman.

Omonullo kulib yubordi.
— Noroziligingizning boisini bilolmayapman?
— Xatti-harakatingizning amirga xush kelishiga ishonchim yoʻq.
— Amir meni Jalolobodga chaqirib olib, Kobulga Inoyatulloxonni noib qilib tayinlaydi. Bu Xudoga ham, bandaga ham ayon. Xoʻsh, shunday boʻlsa nima? Men amirzodaman. Padarimga tobe fuqaroning dilidagini bilib olsam yomonmi? Lashkar maoshining ozligidan norizo, fuqaro begor3dan norizo, maliat4ning bisyorligidan norizo. Norizoliklar qoʻshilsa, koʻchkiday yopiriladi. Risaleda bir sovar ila soʻzlashdim. Choraymoqdan ekan. Saroy xizmatiga chorlasammi, deb fikr qildim. Bunday yovqurlar kerak bizga.
— Nima uchun?
— Davlat bexatar boʻlmogʻi uchun...

Tarzi bu gapni eshitib, amirning: «U taxtdan umidvormi?» — degan savolini esladi.
— Amir bularni devor emas, quloq degan edi.
— Sardor, bu qadar yuraksiz boʻlmang...
— Ertaga ham Xorun ar-Rashid libosini kiyish niyatingiz bordir? Juma kunlari bu yumushdan saqlanganingiz ma’qul edi.
— Mavlono Abdul Gʻanini ziyorat qilsam, degan niyatdaman. Padarim Jaloloboddan qaytgunicha boquvidan boxabar boʻlsam...
— Asti unday qila koʻrmang. Bu harakatingiz oʻsha kuniyoq amir qulogʻiga yetib boradi. Abdul Gʻani sizdan olgan luqmasini yutishga ulgurmay, qatl etiladi. Amir Jaloloboddagi sayru hushini tark etishdan ham qaytmaydi.
— Men begunoh bandalarning azob chekishiga ortiq xotirjam qaray olmayman.
— Nailoj, amirzoda, otangizning amriga ham qarshi borolmaysiz...

Omonullo jahl bilan qoʻl siltadi. Bundan avval ham qaynotasi uni bir-ikki bor bu yoʻldan qaytargan edi. Amirzoda gʻazabini bosolmay, xona boʻylab u yoqdan-bu yoqqa bir-ikki yurdi. Soʻng qaynotasining roʻparasida toʻxtadi.
— Ertaga yoʻqlashim shart. Buni Xudo koʻnglimga soldi, — dedi qat’iy.

Ammo Omonullo ertasiga Abdul Gʻanini yoʻqlay olmadi.

Kobul tongi bu safar mudhish xabar bilan otdi. Dastlab qaygʻu bilan koʻz ochgan bu saboh, oqibatda el uchun xayrli boʻlib chiqdi. Chodirida uxlab yotgan Habibulloxonning qulogʻiga oʻq uzgan kimsa amirning jonini oldi va shu bilan, oʻzi bilmagan holda xayrli ish ham qildi — Afgʻonistonni mustaqillik yoʻliga olib chiquvchi darvozani ochib yubordi.

3

Kobul osmoni musaffo edi. Goʻyo kecha qora bulutlar hunarini koʻrsatmagandek, goʻyo izgʻirin shaharni yamlab-yutish qasdida sira avjga chiqmagandek...

Bomdoddan ancha ilgari, soʻzi kozibda qoʻqqis uygʻonib ketgan Gʻulomqodir tashqariga chiqib, tabiatning bu ajoyibotidan lol qoldi. Samo yuzini bezab turgan yulduzlarga bir oz tikildi. «Bir qarasang — olam chiroyli koʻrinadi, — deb oʻyladi u, — yana bir qarasang — hammayoq abri balo ostida: buzuqlik, adovat, riyokorlik, razolat... bulutlari bosib, yamlamay yutaman deydi. Nimaga shunday ekan?»

Kechagina dili xufton edi. Ichiga chiroq yoqsa yorishmasdi. Moʻylabi yuqoriga qayrilgan past boʻyli notanish yigit bilan hamsuhbat boʻldi-yu, qalbining allaqaerida umid chirogʻi miltillab qoldi. Yigit odmi kiyingan boʻlsa-da, soʻzlarini tinglay turib, Gʻulomqodir uning oliy martabali zotlardan ekanini fahmladi. Bundaylar soʻzlarini chertib-chertib gapiradilar, martabalarini yashirishga qanchalik urinishmasin, gap ohanglaridagi takabburlik ularni fosh qilib qoʻyadi. Gʻulomqodir otasiga mehmon boʻlib kelgan akobirlar suhbatini tinglayverib, pishib ketgan. Kechagi yigit nima uchun risalega keldi, nima sababdan sovarlar bilan suhbat qurdi — Gʻulomqodir bilmaydi. Sovarlarning ahvol-ruhiyasi, turish-turmushi bilan qiziqqanidan bildiki, bu yigitni arkonlardan biri yuborgan. «Inglistonning jilovimizni ushlashi abadiyanmi?» — deyishidan angladiki, oliy zotlar jihod tadorigini boshlaganlar. Yoʻqsa, sovarlarning bu xususdagi fikrlari bilan qiziqmas edilar. Urushni akobirlar boshlaydilar. Ingliston oʻqiga esa sovarlar koʻkragi qalqon boʻladi. Sovarlar bunga rizomilar yo yoʻqmi, bilib qoʻyishlari lozim-da. Shunga qarab ish yuritsalar kerakda. Sovarlarga qolsa, ayniqsa Gʻulomqodirga qolsa, Peshovorga qarab bugun desa bugun, ertaga desa ertaga ot soladi. Shahid ketsa zarracha achinmaydi. Bil’aks, jannatda otasiga roʻpara boʻlishidan quvonadi. Biron marta boʻlsin koʻrmagani — otasi koʻksiga boshini qoʻyadi. «Ota, sizning toʻkilgan qoningiz uchun, zavjamning bulgʻangan nomusi uchun qasos oldim. Gunohlarimni qonim bilan yuvdim, billohi azim, armonim yoʻq», deydi. Jangda shahid ketsa, jannatda otasi bilan birgalikda hurlar orasida yashaydi. Saodati abadiyani oʻsha joyda topadi. Buzuqlik, adovat, razolat, riyokorlikdan holi poklik dunyosida yashaydilar... Choraymoq ulugʻlaridan birining oʻgay oʻgʻli Gʻulomqodir shularni oʻylardi.

Kecha Inglistonga qarshi adovatni oshkor qilib ketgan yigitning oyin ad davla1, noib ul-hukuma Omonullo ekanidan Gʻulomqodir bexabar: u amirzodani bir necha kundan soʻng — risale shohi2 safida turganida koʻradi.

Bir necha haftadan keyin esa shu yosh hukmdor amri bilan uning taqdiri butkul oʻzga yoʻlga burib yuboriladi.

Alhol, bomdodga qadar picha vaqt bor, yengil izgʻirin xush yoqib, daraxtning nam tanasiga suyanganicha oʻy suryapti. Uning uyqusini kechagi yigit buzmadi. Buning sababi boshqa: xotinining badanini xanjar bilan tilib-tilib tashlaganidan beri yil oʻtdi. Oʻshandan beri bu anduh otashida yongandan-yonib, oʻrtangandan-oʻrtanadi. Uning ahvolidan agʻyorlar mamnun, ahboblar dili xun. «Boriga boricha gʻam, yoʻgʻiga yoʻqcha bor gʻam» deganlariday, bu olam sitamlarining bori Gʻulomqodirga atalgan ekanmi, bola-faqir tugʻilgan kuniyoq anduh tuzidan totib qoʻygan. Otasi u tugʻilmasdan bir oy ilgari inglizlar bilan toʻqnashuvda shahid ketdi. Onasi — Choraymoqning suluvlaridan biri— iddat1ni oyoqlatib, urugʻ ulugʻlaridan biriga tegdi. Gʻulomqodir uni «ota» deb oʻsdi. Bellashuvda, qilich chopishda, merganlikda, chavandozlikda urugʻning faxri edi. Bunday yigitga suluv lozimmi? Suluv bor edi, unga nasib etdi. Oʻzining koʻz ostida oʻsgan afifa edi u. O, oʻsha kunlar olam qanchalar goʻzal edi. Quyosh nur emas, baxt yogʻdirardi. Zahar ham asalday tatiydigan kunlar edi... Qani, qayda qoldi oʻsha kunlar, oʻsha shirin damlar?.. Gʻulomqodir bularni eslasa birov yuragini goʻyo omburda qisib buraydi. Azobiga chidamay, ingrab yuboradigan kezlari ham boʻladi. Hozir ham shu holga tushdi. Shart oʻgirilib, peshonasini muzdek daraxt tanasiga tiradi. Keyin yuzini qoʻydi. Yuziga tekkan shilimshiq narsani qon gumon qilib seskanib ketdi. Oʻshanda qonli qoʻli bilan yuzini silaganda shunday seskangan edi. Qon iliq edi, daraxt tanasi sovuq, nimaga qon gumon qildi, oʻzi ham hayron.

Oraga iblis alayhila’na aralashgandan beri olam yigitning nazarida har bir tomchisi hasratdan iborat motam seliga koʻmilgan. Bu sel qachon toʻxtaydi, toʻxtagunga qadar nimalarni yakson qilib ketadi, u bilmaydi. Koʻzini bir yumib ochsa — toʻshakni qoniga belab yotgan suluvi keladi. Shunda koʻzimni ochmasam deydi, yorugʻ olamni koʻrmasam deydi.

Bugun tushida xotinini koʻrdi. Tilib-tilib tashlangan badanidan tirqirab qon oqayotgan xotini uni quchoqlab, oʻpyapti, oʻpyapti... lablari oʻsha-oʻsha — olovday. Gʻulomqodir xotini quchogʻidan boʻshashga urinadi. Na oyoqda, na bilakda kuchi bor. Oʻpichlardan nafasi qaytib, xirillay boshladi... Oʻzining xirillashidan uygʻonib ketdi. Shundan keyin hovliga chiqdi.

Bomdodni oʻqigach, kundalik yumushlar boshlanib, xayolidagi noxush toʻlqinlar mavji bir oz pasaydi. Kun yoyilganda Kobulga oqib kirgan gʻalati mish-mishlar sovarlar qulogʻiga ham yetib kelib, besaranjomlik uygʻotdi:
— Ziyo ul millat va-d-din amir Habibulloxon ovda yoʻlbars changalida qolib nobud boʻlibdilar.
— Yoʻq, ovga chiqmabdilar. Jalolobodni yer yutgan emish.

Amirning oʻlimi haqida xabar tarqabdimi — demak, rost gap. Bunday ovoza tarqatishga har kim ham jur’at qilavermaydi. Faqat oʻlim sababi qorongʻi. Gʻulomqodir bu sababga oʻzgalar kabi qiziqmaydi. Uni boshqa narsa tashvishga soladi: elning yoʻqlovchisi kim boʻladi endi? Yurtning boshida ne gʻavgʻolar bor? Inglistonga qarshi ot suraman, degan Gʻulomqodir taxt ishqidagi amirzodalarni deb ogʻa-inilariga qilich koʻtarmaydimi hali? Bu ne koʻrgulik oʻzi?! Gʻulomqodir maoshining kamligiga koʻnar, xalq begorga, maliatning bisyorligiga ham sabr qilar, biroq amirzodalarning soʻqishuvi — Xalloq yuborgan baloga qanday chidasin?

Gʻulomqodir kunni shunday tahlikali oʻylar bilan oʻtkazdi. Kobul tinchi buzildi. Koʻpni koʻrgan savdogarlar rastalarni berkitdilar. Zobitlar ancha muloyimlashdilar. Ularning yurish-turishida, koʻzlarida hadik mavjud edi.

«Amirlik toji noib-us-saltana Nasrulloxonga nasib etibdi», degan xabar yetgach, risale bir guvrandi. Taxtga nima uchun valiahd Inoyatulloxon emas, Nasrulloxon oʻtirdi, degan jumboq barchani taajjubga solgan edi. Toʻgʻrirogʻi, taxt uchun soʻqishishning muqarrarligi oydin boʻlib qolgan edi.

Habibulloxon taxtga oʻtirar chogʻida ukasini voris deb, keyinroq esa ahdini buzib, toʻngʻichi Inoyatulloxonni valiahd deb e’lon qilganidan Gʻulomqodir boxabar edi. Amir qarorining ne boisdan oʻzgargani u uchun qorongʻi, aniqrogʻi bu xususda sira oʻylab koʻrmagan. Mana endi yurt qalqib ketganda, fahmi yetgancha mulohaza qila boshladi. Nasrulloxonning valiahdni chetga surib, amir boʻlib olgani unga gʻayritabiiy tuyuldi. Alhol Kobulda uning nomi xutbaga qoʻshib oʻqilmayotgani esa Jalolobodda battarin ish yuz berganidan dalolat edi. Inoyatulloxon bayovmi, Nasrulloxon badgirmi, Gʻulomqodir bilmaydi. Biroq Kobul noibi Omonulloning jimligi, yangi amirga vafosi, sadoqatini bayon qilmay turishi uni sergaklantirdi. «Habibulloxondan norozi yoshlarning umidi Omonulloxonda» degan gaplarni eshitib yurar edi. Nahot, toʻngʻich — valiahd qolib, uchinchi oʻgʻil taxtga chovut solsa? Yurt uch oʻrtada talash boʻlmaydimi? Gʻulomqodirning xavotiri shu.

Ne baxtki, uning xavotiri uzoqqa choʻzilmadi.

Koʻklam nafasi Kobulga bir kunlik mehmon ekan. Shanba tongi bilan yopirilgan sovuq astoydil oʻrnashib oldi. Ertasiga kun ochiq boʻlsa-da, sovuqning kuchi qirqilmadi.

Kobul ahli ertalabdan Ark maydoni sari oqdi. Erta tongdanoq jarchilar jar qoqib, noib ul-hukumaning nutq irod etajagini xabar qilib chiqdilar. Risale shohi oldingi qatorda saf tortdi. Jamoa amirzodani uzoq kutdi. Noibning oʻz ogʻzidan eshitilajak soʻzlarga boʻlgan qiziqish sovuq qahridan kuchliroq edi.

Kun peshindan oqqanda darvoza ochilib, harbiy libosdagi amirzoda as’asa-dabdaba bilan chiqib keldi. U aqrabolardan ilgarilab, maydon oʻrtasiga yetgach, jilovni qattiq tortdi. Gijinglab turgan ot kishnab, ikki oyoqda tik turdi. Olomon nafas yutib, amirzodaga tikildi. Gʻulomqodir uni tanib, bir oz gangidi. Jilovi boʻshagan ot old oyoqlari bilan yer tepindi. Omonulloxon qilichini shart qinidan sugʻurib, baland koʻtardi.
— Aziz fuqaro! — dedi u jarangdor ovozda. — Olloh-taolo yurtimiz boshiga beadoq qaygʻu yubordi. Din va millat ziyosi, arzandai ikromanda padarim, Afgʻonistonimiz amiri amir Habibulloxon bandalikni bajo keltirdilar. Azroil padarimning jonini kimning qoʻli ila olgani menga noma’lum. Kobul fuqarosi qarshisida, Olloh-taolo oldida ont ichib aytamanki, padarim joniga qasd qilgan mal’unni topib qasos olmagunimga qadar bu qilichni qiniga solmayman! Jaloloboddagi durbar1da Nasrulloxon valiahd Inoyatulloxonni chetga surib, noib us saltana amirlik tojini oʻz boshiga kiyibdi. Aqoidga toʻgʻri kelmaydurgon, Ollohning gʻazabiga uchrovi bu harakati evaziga Nasrulloxon jazoga tortilgay.
— Aziz fuqaro! Endi mening soʻzim shudir: Ingliston Afgʻonistonni aftoda yurt qilib qoʻydi. Bugundan e’tiboran Buyuk Afgʻonistonning inon-ixtiyori oʻzida. Yorugʻ dunyodagi mustaqil davlatlar qandayin haq-huquqqa ega boʻlsa, bizning ozod yurtimiz ham shu huquqlar egasidir. Ozod Afgʻonistonning tobelari ham ozoddirlar. Bugundan e’tiboran, begorga barham berilgusi, maliat kamaygusi, lashkarlar maoshi oshirilgusidir. Padarim arvohi haqqi shu qarorga keldim!

Omonulloxon qilich oʻynatganicha otni burdi. Yuvosh otda choʻkib oʻtirgan Tarzi kuyovining soʻzlaridan mamnun boʻldi.

Gʻulomqodir amirzodaning gaplarini jon qulogʻi bilan tingladi. Omonulloxon arkka kirib ketgandan keyin ham maydondan koʻz uzmadi. Nazarida darvoza qayta ochilib, noib ul-hukuma chiqib keladiganday, muxtasar nutqiga qoʻshimcha yana allanimalar deydiganday edi.

Amirzodaning jumboqli nutqi magʻzini har kim oʻzicha chaqib, asta tarqala boshladi. Zobitning buyrugʻi bilan sovarlar ham otlarini burdilar. Gʻulomqodir Omonulloxonning yashirin niyatini payqaganday edi. Noibning nima sababdan oʻzini amir deb e’lon qilmagani koʻp qatori uni ham taajjubga soldi.

4

Omonulloxon amakisining amir boʻlib qolganiga koʻpam hayratlanmadi, aksincha, gʻazablandi. Yana ham aniqroq aytilsa, oʻylagani roʻyo boʻlganidan achchiqlandi. Vodarigʻkim, amir Habibulloxon qanotidagi ukasining pinhon niyatlarini fahmlamadi. Fahmlasa ham chora koʻrmadi. Aks yoʻl tutib, rostbasar yoshlardan shubhalandi. Endi vovaylo aytmoqqa ne hojat? Endi yurt taqdirini oʻylamoq lozim. «Oh, endi elning ahvoli nima kechadi? U barandozning piri Abdul Razzoq aqoidni roʻkach qilib, yurtni jaholat chodiriga chirmab tashlamaydimi? Mamlakat ixtiyorini butkul Inglistonga berib, sadaqalarini olib, ayshlarini surmaydimi? Afgʻonistonning horijiy davlatlar ila aloqada boʻlmogʻi mutlaq zarar deb hisoblar edi. Uning shu istagi bilan Afgʻoniston olam aro vohid boʻlib qolaveradimi? Olam nurga toʻlganda nechun biz qorongʻilik ichinda ojiz tentiraymiz, bani bashar sohillarda farogʻat qoʻynida boʻlgani holda, nechun afgʻon eli toʻfon ichinda behalovat yashamogʻi kerak? Yurtning yozugʻi shumi?!» Omonulloxon shu fikrlar iskanjasida, katta xona, nainki xona, olam koʻziga tor koʻrinar edi.

U bir narsani aniq biladi — Nasrulloxon amirlik tojiga noloyiq. Inoyatulloxon ham. Ikkinchi akasi — Hayotulloxonning onasi past tabaqadan, amirlikni xayol qilmasa ham boʻladi. Oʻzi-chi? Oʻzi loyiqmi? Bunga jur’at etib, taxtni omon saqlab qola oladimi? Axir sardorsalor1 Jalolobodda, amirlikning sara lashkarlari ham oʻsha yerda. Agar qoʻshin Nasrulloxonga sodiq boʻlsa, Omonulloxon nima qilar olardi? Omonulloxon kallasiga kelgan bu fikrdan gʻijinib, shart burildi-da, deraza oldiga bordi. Anchagacha shu ahvolda — harakatsiz turdi.

Eshik ochilganini sezib qaradi: oldinda hindcha libosdagi Abdul Gʻani, orqada qaynotasi Mahmudbek Tarzi.
— Sizni ozod koʻrmakka yetkurganiga shukr, — dedi Omonulloxon, ustoziga peshvoz chiqib.

Abdul Gʻani kaftlarini birlashtirib ta’zim qildi.
— Mening ozodlik kunim sizning anduhli kuningiz ila vobasta boʻlgani afsusli hol. Umid ulkim, idborin Haqtaolo iqbolgʻa mubaddal qilgʻay.2 Sizga sabr bersin, hazrat amir sohib.

Omonulloxon, yuragi shigʻ etib, qaynotasiga qaradi. Tarzi miyigʻida jilmayib qoʻydi.
— Siz yanglish soʻz aytdingiz, men... amir emasman.
— Vallohi a’lam, balki boshingizga tushgan qaygʻu Afgʻoniston uchun kulfat emas, saodatdir. Buni zindon azobini totgan kishi emas, afgʻon eli xizmatiga kelib, ravzamonand yurt baxtini astoydil tilagan odam aytyapti.
— Mavlono Abdul Gʻani haqlar, Afgʻonistonning boshi johillik kundasida chopilsin, desangiz, amakingizga ostonboʻsliq1 ila sadoqatingizni bayon qiling. Yurtim osmonida quyosh charaqlasin, desangiz, boshingizga toj kiying. Boshingizdagi toj — yurtning hurlik quyoshi.
— Yoʻq!!!

Shunday orzusi boʻlaturib birdan: «Yoʻq!» — deb yuborganiga Omonulloxonning oʻzi ham taajjublandi. Taklifni barq sur’atda qabul qilish ham nodonlik boʻlar edi. Bayiharnav: «Yoʻq!!!» — deishi durust boʻldi, faqat... u qadar keskin aytmasligi lozim edimi...

Omonulloxonning jimib qolganini oʻzlaricha tushungan hammaslak bu ikki odam bir-biriga ma’noli qarab oldi.
— Umr bahori yetsa bulbullar kelgusidir, — dedi Tarzi. — Afgʻoniston bahori yetdi. Buni anglamak kerak.
— Anglayman, ammo nochorman, — Omonulloxon shunday deb bir necha daqiqa muqaddam lashkar borasida xayoliga kelgan gapni bayon qildi.
— Vahmak boʻlmang. Koʻnglingizga navmidlik ham yetmasin, — dedi Abdul Gʻani unga javoban. — Sardor Tarzi qoʻshinda yosh afgʻonlar ta’siri baland deb aytdilar. Habibulloxon baytulmol ishqida lashkarni maoshdan siqib, norizo qilgan ekan. Nasrulloxonning bu borada saxiy boʻlariga imonim komil emas. Alqissa, qoʻshin unga nofarmondir, vafo qilmas. Fuqaro esa vati-kuti, a’rofda qolgan odam etagini ushlamas. Siz jur’at etmas ekansiz, yurt parokandalikka yuz tutar, Jalolobodda Nasrulloxon nomini xutbaga qoʻshib oʻqitaversin. Bunda siz Kobulning osmontaziin ahlini chorlab, qaroringizni ayting. Yosh afgʻonlar esa ahdlarini fuqaroga ma’lum qiladilar.

Omonulloxon bu gapdan keyin ham bir qarorga kela olmadi.
— Jalolobodda ne hol, bilmaymiz, — dedi u qaynotasiga qarab.

Shu gapi bilan ikkilanayotganini oshkor qildi. Tarzi buni tushunib, kuyovini yolgʻiz qoldirishni ma’qul koʻrdi. Abdul Gʻanini bilagidan asta ushladi. Ikkovlon xayrlashib chiqdilar. Boʻlajak amirni alanga olgan toj kiyish orzusi bilan magʻlubiyat xavotiri iskanjasiga topshirib ketdilar.

Jaloloboddan dastlabki ishonchli xabarlar kelgunga qadar u ichidagini sirtiga chiqarmadi.

«Pulton1da gʻalayon koʻtarilibdi. Nasrulloxonga sodiqmiz, degan zobitlarni sarbozlar kaltaklashibdi», degan xabar Omonulloxonga dalda boʻlib, fuqaroni Bogʻi balandga, ark maydoniga chorlash haqida farmon berdi. Shunda ham maqsadini ochiq bayon qilmadi.

Jumodul avvalning yigirma oltinchi kuni, Jalolobodda isyon koʻtargan lashkar bilan fuqaro birlashib, Nasrulloxon, Inoyatulloxon, sardorsalor Nodirxonni hibsga olganlaridan keyingina, juma namozidan soʻng, amir Omonulloxonning nomi xutbaga qoʻshib oʻqildi.

Idgoh masjididan Bogʻi balanddagi qarorgohiga qaytganida, Qodir ogʻa hazratning muborakbod etmoq maqsadida tashrif buyurganini ma’lum qildilar. Omonulloxon bu tashrifdan taajjublandi. Hazrat bilan hozirgina masjidda xayrlashib edi. Uni bu yerga muborakbod etish istagi olib keldimi yo boshqa biror niyati bormi? Shu qiziqish bilan hazratning «muborakbod»ini qabul etajagini bildirdi.

Qodir ogʻa hazrat oppoq soqolli, koʻzlari tiyrak, paygʻambar yoshidan hatlagan boʻlsa-da, yurish-turishi bardam odam edi. Uning qarashlarida anglash mushkul bir sehr mavjud, shu bois u arkoni dinga emas, fusungarga oʻxshab ketardi. Hazrat avvallari amir Habibulloxon huzuriga tez-tez tashrif buyurib turardi. Izdahomlarga uning taklif etilishi muqarrar edi. Nasihatgoʻylikni kasb etgan bu odam Omonulloxonga uncha yoqmasdi. Na iloj, koʻngil istagi shart-sharoitga hukmini oʻtkazishi mushkul, aksincha, shart-sharoit koʻngil istagini oʻz yoʻrigʻiga solib turadi. Qodir ogʻa hazrat faqat saroy ahli orasida e’tiborli boʻlsa bir nav edi. Hirotu Jalolobodgacha, Mazori Sharifu Qandahorgacha avom hazratning nomini eshitsayoq ostonboʻsliqqa shaylanadi. Bunday e’tiborga yana Nasrulloxonning piri Abdul Razzoqgina da’vo qilishi mumkin. Agar Omonulloxon koʻngil istagiga yurib, Qodir ogʻa hazratni oʻzidan uzoqlashtirsa, tang ahvolga tushib qolishi tayin. Ikki qoʻchqorning birlashishi mahol deydilar, ammo zarur hollarda ularning boshi bir qozonda qaynay olishi ham mumkin. Bunga ishonmagan odamning aqli qosirdir. Halokat yoqasiga kelib qolgandan keyin koʻzning ochilishidan ne foyda?

Hazrat kirib kelgunga qadar oʻtgan qisqa fursat ichida Omonulloxon shularni fikr koʻzgusidan oʻtkazib, unga iltifot koʻrsatmoqchi boʻldi. Amirga yarashmagan ishni qildi: huzuriga kirgan odamga peshvoz chiqib, yengil ta’zim bilan kutib oldi.

Qodir ogʻa hazrat uzundan-uzoq tabrik soʻzlari aytgandan soʻng amir unga javob berdi:
— Tangri amirlik libosini menga lozim koʻrgan ekan, haq yoʻliga jonimni tikgayman. Ammo qanotimda siz, siz kabi akobirlar boʻlmas ekan, sahrodagi yakka daraxt holiga tushaman. Yakka daraxtning qismati ma’lum. Vohidlik — Xudoga oid, amirga emas.

Yosh amirning bu gaplari hazratga behad ma’qul tushib, labida nimkulgu paydo boʻldi.
— Padaringiz donishmand edi — bobongiz yoʻlini tutdi. Noxalaf1 oʻgʻildan oʻzi asrasin. Tashrifimning boisi — muborakbod bahonasida sizni ayrim gaplardan voqif etmoq. Ijozat bersangiz...
— Qulogʻim sizda.
— Menga yetib ma’lum boʻlishicha, Kobulda Inglistonga urush ochmoq qasdida yonib yurganlar mavjud emish. Amir sohibning Inglistonga qarshi urush ochish niyatlari bormi?
— Behuda qon toʻkmakka ne hojat?
— U holda ark maydonidagi nutqingizni anglamabman.
— Men Afgʻoniston mustaqil boʻlmogʻi darkor, tizginini Ingliston qoʻlidan olamiz, dedim.
— Tizginini bermasalar-chi?
— Unda... buni mulohaza qilib koʻrishga fursat bor.
— Men bisyor oʻylab, bu xususdagi fikrimni sizga aytmoqqa jur’at qildim.
— Padarim qarshisida qanday jur’atda boʻlsangiz, mening qarshimda ham shunday boʻlavering.
— Inglistonga qarshi harakatlardan oʻzingizni tuta turing. Jannatmakon Habibulloxonni bunday harakatdan tutib turgan bir sabab bor edi. Men shuni aytgali huzuringizga kelganman. Padaringiz Afgʻoniston sarhadlarini birmuncha kengaytirishni xayol etib edilar. Ya’ni, Jayhunning ul qirgʻoqlari ham afgʻon yerlariga qoʻshib olinuvi lozim, deb edilar. Alhosil, bu kunlarda islom yoʻlida qon toʻkayotgan ellarga rahnamolik qilishni Olloh dillariga solgan edi. Amirning farmoni ila a’yonlarimiz amiralmuslimin ila shartlashuv niyatida Fargʻona muzofotiga bordilar. Mashriqda Fargʻonadan boshlanub magʻribda Xazar bahriga tutashuvchi ulugʻ musulmon davlati barpo etuvida amirimiz koʻmaklashib, oqibatda bu davlatni qanotlariga olmoq niyatlari bor edi. A’yonlarimiz amiralmuslimin ila boʻlak qoʻrboshilarni baqamti qilmoq harakatida Fargʻonada qolganlar. Buxoroda ham talay a’zamlarimiz, alalxusus, arkoni harbda bor. Alqissa, Inglistonga qarshi bormoqlik, padaringiz boshlagan ishlarga putur yetkazmogʻi tayin.

Bu gaplarni eshitib, amir qorongʻilik chodiri ostida qoldi. Bu odam uning oyoqlari ostiga tuzoq tashlayaptimi yo chindan toʻgʻri yoʻl koʻrsatayaptimi? Bular nimalarni orzu qilishgan? Oʻzi mustaqil boʻlmagani holda, oʻzga davlatga (hali yoʻq davlatga) qanday rahnamolik qilish mumkin? Omonulloxon shimoldagi ahvolni yaxshi bilmaydi. Balki Fargʻonadan Xazar bahriga qadar yerlarda musulmon davlati bunyod etishga amiralmusliminda kuch bordir. Ammo shunday katta kuch topa olgan odam Inglistondan sadaqa olib kun koʻrayotgan Afgʻonistonga bosh egib kelarmikin? Panoh istab oʻziga mustaqil, quvvatliroq davlatlarga murojaat etmasmikin? Turk hukmdori turkiy zabonda soʻzlashuvchi xalqlarni Afgʻoniston ixtiyoriga topshirib, qoʻl qovushtirib turarmikin? «Nahot padarim shularni mulohaza qilib koʻrmagan? Doʻstni agʻyor bilib, agʻyorni birodar etmakning oqibati bu..»

Qodir ogʻa hazrat amirning oʻyga botganini koʻrib, «gapim nishonga yetib bordi», deb xotirjam boʻldi. U aytadiganini aytib, muddaoga erishgan edi, shu sababli yana bir karra muborakbod etib, yana bir karra duo qilib, iziga qaytdi.

Omonulloxon esa gʻazabdan lovullab, uni la’natladi.

5

Buyuk Britaniyaning Hindistondagi hukmdori — noibi qirol lord Chelmsford keyingi paytlarda Afgʻonistondan xushxabar kelishiga ishonchini yoʻqotdi. Simlada ob-havo yaxshi boʻlsa-da, u qarorgohidagi tennis kortida kam koʻrinadi. Uning tinchini avval Habibulloxonning mustaqillik soʻrab yuborgan maktubi oldi. Bu xomxayol amirning taqdiri osonlik bilan hal etilib, Nasrulloxondan noma kelgach, noibi qirolning chehrasi sal yorishgan edi. «Buyuk Inglistonning Hindistondagi noibi qiroli lord Chelmsford hazrati oliylariga...» Maktubning boshlanishiyoq unga yoqqan edi. «Buyuk Afgʻoniston ila Buyuk Inglistonning birodarlik rishtalari yanada mustahkam boʻlmogʻini Yaratgandana soʻraymiz. Ollohning inoyati ila Buyuk Inglistonning qudratiga qudrat, shuhratiga shuhrat qoʻshilib, Buyuk Afgʻoniston bu qudrat, bu shuhrat soyasida gullab-yashnagay...» Afgʻoniston, Chelmsfordning nazarida, endigina farosatli amirga yolchigan edi.

Koʻngil quyoshining charaqlashi, xushxabarning umri bir haftalik ekan. Bir haftadan soʻng, Nasrulloxonning taxtdan tushgani, Kobulda Omonulloxon toj kiygani haqida darak keldi. Xabar bilan izma-iz amirning maktubi ham yetdi. Chelmsford maktubdan yaxshilik ham kutmagan edi. Birinchi murojaatning oʻziyoq fikrini tasdiqladi: «Hindiston noibi qiroli lord Chelmsford janoblariga...» Bu qadar quruq, bu qadar beadab murojaatnomani Chelmsford shu paytgacha uchratmagan edi. Ayniqsa maktub xotimasi Hindiston hukmdorining boʻgʻziga oʻqdek qadaldi: «Ma’lumingiz boʻlsinkim, ozod va mustaqil Afgʻoniston hukumati Ingliston hukumati ila istalgan paytda doʻstlik va oʻzaro hurmat qoidalari asosida ham sizning, ham bizning davlat manfaatlariga mos keluvchi, tijorat ishlarimizga foyda keltiruvchi shartnomalar tuzishga rizodur va bu muzokaralarni boshlashga shaydur...»

Chelmsford bu maktubni oʻqigach, kun boʻyi oʻziga kelolmay yurdi. Hatto Habibulloxon ham bu qadar bezbetlikka jur’at etolgan emas. Bu goʻdak nima qilyapti oʻzi? Malokand ahli koʻtargan isyonni bostirishda qatnashgan leytenant Uinston Cherchill xotiralari jamlangan kitobida: «Gʻazavotga koʻtarilgan afgʻonlar quturgan itlarni eslatadilar. Shu bois ularni itday xor qilish kerak...» degan ekan. Keyingi kunlar ichi Chelmsford shu jumlalarni qayta-qayta esladi. Agar Georg V1 inon-ixtiyorni unga toʻla berganidami, bu yurtning kulini koʻkka sovurib yuborardi-ya!

Necha kunki, u Afgʻonistondan kelayotgan xabarlarni sinchiklab oʻrganadi. Dastlab, Omonulloxonning maktubini oʻqiganda, gʻazabini bosish uchun, «amirning gʻoʻrligi-da, bu», deb oʻziga-oʻzi tasalli ham bergan edi. Xabarlar oqimidan ma’lum boʻlyaptiki, bu shunchaki gʻoʻrlik emas. Yangi amir otasiga oʻxshab mustaqillik soʻrab oʻtirmadi, hech narsadan tap tortmay, ovoza qilib qoʻya qoldi. Xalqni oʻziga qaratdi. Endi bu xalq amir oʻl desa oʻladi, tiril desa tiriladi. Kun oʻtgan sayin Afgʻonistonda tartib qaror topyapti. Hatto Maymana noibi ham tiz choʻkibdi.

Chelmsford Afgʻonistonni avvalgiday tobe qilish endi oson emasligiga astoydil ishona boshladi.

Bugun barcha gʻalvalardan bir oz holi boʻlmoq maqsadida tennis kortiga kelgan edi. Oʻyini qovushmay battar asabiylashdi. Raketkani uloqtirdi. Tashqi ishlar boʻyicha kotibiga ruxsat berganidan afsuslanib, uni yana chaqirtirdi. Gamilton Grant hayallamadi.
— Mister Grant, — dedi Chelmsford uni boqqa boshlab, — siz Nasrulloxonni mendan koʻra yaxshiroq bilasiz. Bu lapashang Londonda ta’lim olgan. Yanglishmasam, Abdurahmonxon taxtni dastlab shu oʻgʻilga moʻljallagan edi. Toʻqqiz yuz birinchi yilda ogʻzidagi luqmasini oldirdi. Bu safar-chi?
— Bu safarmi?.. Bu safar befahmlik qildi. Kobulda katta jiddiy kuch borligini nazarga ilmadi. Ser, buni biz ham hisobga olmadik. Lashkar maoshini oshirganda bu gʻavgʻolar yoʻq edi. Bir necha ming rupiy bilan bitadigan ish edi. Nasrullo xasislik qildi, biz esa qarab turdik. Omonullo noiblik davridayoq sovarlarga va’da bergan ekan. Bu gap Jalolobodga yetib kelib, sarbozlarning gʻazabini qoʻzgʻatgan. Buning ustiga mustaqillik haqidagi va’dalar...
— Xoʻsh, va’dalar bilan taxtani qancha ushlab turish mumkin?
— Bir-bir yarim oy. Uzoqqa borolmaydi. Xazinasi ma’lum-ku? Oʻjarlik qilaversa, subsidiyani toʻxtatamiz. Shunda ham esini yigʻib ololmasa, buning ham ishi oson: nari borsa, bir haftalik urushda Afgʻoniston degan nomni xaritadan butunlay oʻchirib tashlashga toʻgʻri kelar, balki?

Chelmsford indamadi. Xayolida: «Qani edi shunday boʻlsa», deb qoʻydi. Gamilton uning rangpar ot yuziga qarab, biron ma’no uqa olmadi.
— Kalta oʻylayapsiz, Gamilton, — dedi Chelmsford qat’iy ohangda, — Afgʻonistonning shimol bilan aloqasini hisobga olmayapsiz.
— Rossiya bilanmi? — Gamilton zaharxandalik bilan kuldi. — Bolsheviklar avval oʻzlarini eplashsin.
— Leninning topshirigʻiga koʻra Habibulloxon bilan aloqa oʻrnatmoqchi boʻlishganini menga oʻzingiz aytuvdingiz. Habibulloxonning ehtiyotkorligi tufayli bu ish amalga oshmagan edi. Endi ularga kim toʻsqinlik qiladi? Amirning yonida kim borligini unutmang. Rossiyadagi toʻntarishni gazetasida maqtagan odamdan nima kutish mumkin? Omonulloxonning Lenin bilan aloqa oʻrnatishiga shubham yoʻq. Bizdan olmagan yordamni, oz boʻlsa ham ulardan oladi. Biz bu yerda savdo yoʻlini berkitsak, Rossiya orqali Yevropaga chiqadi.
— Biz bunga yoʻl bermasak-chi? Mallison Kushka, Termiz, Karkini olsa, Omonullo dardini kimga aytadi? Qafasga tushadi-ku? Ana unda istasak, don beramiz, istasak...
— Gap bunday, Gamilton, vazifangizdan toʻymagan boʻlsangiz, ziyrakroq ish yuriting, Afgʻoniston Rossiya bilan aloqa oʻrnatish uchun bugun boʻlmasa ertaga harakat boshlaydi. Biz bunga yoʻl qoʻymasligimiz shart. Nima qilishni oʻylang. Operatsiyaga shaxsan oʻzingiz rahbarlik qilasiz. Hamma choralarni ishga solishingiz mumkin. Amir Olimxonga chopar yoʻllang: Karki, Termiz, Kushka yoʻllarini qattiq nazorat ostiga olsin. Toshkentga bitta ham afgʻon, Afgʻonistonga bitta ham bolshevik oʻtmasligi kerak. General Mallison Olimxon bilan doimiy aloqada boʻlsin. Yana ehtiyot chorasini ham koʻrib qoʻying: Rossiya bilan aloqa oʻrnatiladigan taqdirda. — Chelmsford Gamiltonga savolomuz tikildi, — bu dunyoda anqov odamlar koʻp, toʻgʻrimi, xoʻsh, demak, aloqa oʻrnatilgan taqdirda, afgʻon elchilari orasida ham, rus elchilari orasida ham oʻz odamingiz boʻlishi shart. — Chelmsford endi boqqa yurmay, saroy tomon burildi. Gamilton unga ergashdi. Chelmsford zinalardan chaqqon koʻtarilayotib, birdan toʻxtadi: — Ha, aytmoqchi, Olimxon bilan Omonulloxonning doʻstlashuviga zinhor yoʻl qoʻymang, bu ham esingizda tursin.

Chelmsford yuqoriga koʻtarilganda ichkaridan xizmatkor chiqib, unga dumaloq kumush patnisda bir parcha qogʻoz uzatdi. Noibi qirol xizmatkoriga qaramay, xatni oldi. Avval bee’tibor koʻz tashladi. Keyin qoshlarini chimirib tez-tez oʻqidi-da:
— Ana! — dedi qoʻlidagi qogʻozni silkib, Zinadan koʻtarilayotgan Gamilton uning avzoyini koʻrib, toʻxtadi. — Ana, bir yarim oyga hukm qilgan amiringizning gaplarini oʻqib koʻring!

Gamilton yuqoriga koʻtarilib, xatga qoʻl uzatdi. Lekin Chelmsford xatni unga bermay, kinoya bilan gapira ketdi:
— Bogʻi balandda nutq soʻzlabdilar. Afgʻoniston boshqa davlatga tobe boʻlib turar ekan, podshohlik tojini kiymas emishlar. Panjobdan Kashmirga qadar ularning yerlari emish. Bobokalonlarining lashkarlari bosqinchilarga qarshi mardona jang qilgan emish. Yurtning ozodligi uchun jon qurbon qilishga chaqiribdi. Bu nima degani, bilyapsizmi? Urushni biz emas, ular boshlamoqchi. Ha, ha, ular bosh-lash-moq-chi!!! Mana, oʻqing buni, mana bu yerini oʻqing, — Chelmsford shunday deb barmogʻini qogʻoz oʻrtasiga nuqdi.

Gamilton pichirlab oʻqidi:
— «Ingliston hukumatining barcha tobelari, musulmonlar ham, hindlar ham qirol-imperatorga halollik bilan xizmat qilib, sadoqat bilan boʻysunib keldilar. Buning evaziga inglislar na dinga, na nomusga, na e’tiqodga shafqat qildilar. Aksincha, berahmlik, zoʻrlik, buzgʻunchilik bilan taqdirladilar. Mening Hindiston ishlariga aralashish istagim yoʻq. Biroq, islom va insoniylik nuqtai nazaridan qaraganda men Rouletning adolatsiz qonunlariga qarshiman. Nazarimda, gʻalayon koʻtarayotgan hindlar juda toʻgʻri ish yurityaptilar...»
— Gamilton, bu sizning xatoingiz, — Chelmsford shunday deb xatni uning qoʻlidan yulib oldi-da, gʻijimlab pastga otdi. — Odamlaringiz yalqov, lapashang, befahm... — u yana nimadir demoqchi boʻldi-yu, soʻz topolmadi. Tez-tez yurib ichkari kirib ketdi.

Gamilton marmar zinada bir zum harakatsiz turdi. U tabiatan ogʻir, bosiq hukmdorning bu harakatidan hayron edi. Chelmsford Omonulloxonning amir boʻlganini eshitgandan beri tutaqadi. Uning bu asabiylashishini koʻrgan sari Gamilton ajablanadi: Chelmsford uni hozir kaltabinlikda aybladi. Lekin lord Kerzon1 uni uzoqni koʻra biladigan mutaxassis sifatida qadrlaydi. Habibulloxon taqdiri «qimorga tikilgan» onda Gamilton oʻnlab gumonlarni hisob-kitob qilgan, shular orasida Omonulloxonning taxtga oʻtirishi ham mavjud edi. Shu sababli bu xabarni xotirjam kutib oldi. Hindiston hukmdori esa...

«Hindistonni bu poʻk yurak bilan boshqarib boʻlmaydi» — Gamiltonning xayoliga shu gap keldi.

Oradan bir oy oʻtgach, u Omonulloxonga yuborilajak maktub qoralamasini olib, Chelmsford huzuriga kirdi.

«Afgʻoniston amiri Omonulloxonga!

Abadiy doʻstlik va oʻzaro hurmatga yoʻgʻrilgan maktubingizni oldik. Otangiz vafotidan cheksiz qaygʻudamiz va ta’ziyamizni yoʻllaymiz. Sizni taxtga oʻtirganingiz bilan qutlaymiz. Buyuk Britaniya va Afgʻoniston oʻrtasida mavjud mustahkam doʻstlik aloqalari marhum bobongiz «millat va din shu’lasi», marhum otangiz «millat va din ziyosi» tuzgan shartnomalar asosidadir. Maktubingizdan menga ma’lum boʻldiki, Afgʻon hukumati bundan keyin ham bizga avvalgiday sodiq doʻst boʻlib qoladi...»

Lord Chelmsford maktubni oʻqib, kinoya bilan dedi:
— Aql bilan yozilibdi, ma’qul. Ammo... Gamilton, siz ularning umrini bir yarim oy deb belgilagan edingiz, esingizdami? Xoʻsh, endi nima deysiz? Shu maktub bilan yengamizmi ularni?
— Ser, ma’lumotlarga qaraganda, Omonulloxon chindan ham urushga tayyorlanyapti. Qoʻshinlarini uch yoʻnalish boʻyicha chegaralarimizga tashlamoqchi. Bu maktub vaqtdan yutib, ularni chalgʻitishimizga yordam beradi. Ular asosiy harakatlarni boshlab ulgurmay, biz hujumga oʻtsak bas.
— Bir haftalik urush deng? — dedi Chelmsford yana kesatib.
— Ha, ser, men harbiy emasman, biroq gʻalabaning yashin tezligida boʻlishiga ishonaman. Aeroplanlar Kobulga uchib borib, bomba tashlagan kuniyoq Londonga xushxabar yoʻllayveramiz, menga ishonavering.

Chelmsford unga ishondi. Chunki harbiy qoʻmondonning fikri ham shu edi. Ular hammasini aniq hisob-kitob qilishdi. Ular faqat bir narsani: vatan va ozodlik tuygʻusi aeroplanlardan ham, zambaraklardan ham qudratliroq ekanini unutishdi.

6

Savr seryogʻin keldi. Oʻtgan kuz sovuq barvaqt tushib, barvaqt surgun etilgan qushlar goʻshalariga ancha hayallab qaytdilar. Hamal gulga yor boʻlib koʻz ochgandan beri Omonulloxon xavotirda: samoda suzgan bulut uning koʻziga abri balo boʻlib koʻrinadi. Xeshlari unga qilich koʻtarmay, noiblari birin-sirin itoat maktublarini yoʻllasalar-da, kun oʻtgan sayin u amirlik tojining ogʻirligini tobora his etardi. Uning ziyrak zehni a’yonlarining yakdil emasligini ham tobora aniqroq sezardi. Qanotlarining biri amirni uchishga chorlasa, biri pastga tortadi.

Omonulloxon har tong amorat devoni1dan xabar kutadi. Hindiston noibi qirolining javobiga bir oydan beri ilhaq. Qaynotasi sardor Mahmudbek Tarzi: «Chelmsforddan yaxshi noma kutmang, shimoldagi qoʻshni bilan doʻst tutinaylik», deb koʻp eslatdi. Amir Hindistondan keladigan maktubni kutib, qaynotasining taklifini paysalga solaverdi.

Bugun oqshom savalab oʻtgan yomgʻirning salqinida amir saroboʻstonda sayr qilib yurardi. Xufton oʻqib boʻlingan, Kobul ahlining aksari ertagi yumushlar tashvishida uyquga berilgan. Omonulloxon kiprigiga uyqu ilinishi qiyin. U qaynotasini chorlagan.

Bemavrid yoʻqlovdan bir oz xavotirlangan Tarzi bogʻda yolgʻiz turgan kuyovining ahvol-ruhiyasidagi ezginlikni koʻrib, ajablandi.
— Sardor, Hindistondan xabar yoʻqmi? — dedi amir.
— Xushxabarga umid ham yoʻq.
— Ajab... Biz ulardan butkul yuz oʻgirganimiz yoʻq, avvalgiday aloqada boʻluvimizni ma’lum etib edik-ku, anglab yetishmadimi?
— Ingliston siz suzib bergan oshga qanoat qilmaydi. Qozon boshini bering ularga.

Amirning lablari titrab ketdi:
— Aks holda... urushmi? — dedi oniy sukutdan soʻng.

Omonulloxon, yaqindagina otasini urush ochishga undagan safdar amirzoda, hozir oʻzining gapidan oʻzi choʻchidi. Otasiga ayb qoʻyganida, yurt ozodligi, mustaqilligini e’lon qilganida botir edi. Endi «urushning hidi kelib qoldi», degan farazning oʻziyoq unga dahshat boʻlib koʻrinyapti. Bir necha oy muqaddam ozod qabilalar yordamida gʻanimni tavbasiga tayantirish mumkin, deb hisoblagan yigit amirlik tojini kiyib, yurt taqdiriga javobgarlikni boʻyniga olgach, bu ishning butun mashaqqatini sezib, yuragiga gʻulgʻula tushdi.

Tarzi — quvgʻinlik jafosini, musofirlik tuzini totgan, ozodlik, muqaddas tuproq qadriga yetgan, ozod yurt deb jabrlar oʻtida jonini yoqqan odam, endilikda donishmand vazir — amirning ahvolini yaxshi tushunib turar edi. Saltanatni yuritish — Kobulga noiblik qilish, va’dalar berish emas. Amir boshiga yogʻilajak gʻavgʻolarni pisand etmay, toj kiydi. Mana endi ilk toʻgʻanoqlarda gangib turibdi. Shodlik ortidan figʻon koʻrinur, deganlari shumi yo? Uning gangishi faqat hadiksirashdan emas. Tarzi amir atrofida Qodir ogʻa hazratning girdikapalak boʻlishidan xabardor. Kuyovi bildirmasa ham hazratning niyatlaridan ogoh. Kunda amirga hazrat misol yana necha odam ta’zimga kiradi. Necha odam saltanatni boshqarish yoʻlni koʻrsatadi.
— Bobokalonlarim yoʻli menga nasib etgan ekan-da, — dedi amir bir zumlik jimlikdan keyin, — nachora, ayyomi shabobim barham topib, amorat siyti xususida qaygʻurmoq vaqti yetibdi. Afgʻonistonni butkul ozod koʻrmak uchun qoʻlimizdan kelganini qilib, qolganini sarnavisht hukmiga topshirajakmiz... Rusiyaga noma bitmakni gapirib edingiz?
— Ha, amir sohib, musovida sizning nazaringizga muhtoj.
— Yuring, — amir shunday deb ichkari yoʻl boshladi. Yevropa usulida jihozlangan yorugʻ, keng xonaga kirgach, qaynotasiga yumshoq kursidan joy koʻrsatdi.

  

— Qulogʻim sizda, sardor, — dedi u Tarzining roʻparasiga oʻtirib. Tarzi qoʻyin choʻntagidan qogʻoz chiqarib, koʻzoynagini toʻgʻrilagan boʻlib, oʻqishga tutindi.
— «Buyuk Rusiya davlati prezidenti oliy hazratlariga...»
— Davlatlarining nomini Shoʻravi Rusi deb edingiz shekilli?
— Amir sohib, davlatlarining nomi, shuning barobarinda a’yonlarining nomi bizga aniq emas. Nomini shu iltifot ila boshlamogʻimiz maqbul.
— Oʻqing.
— «Afgʻoniston hukmdori amir Omonulloxon sizga salom yuborib, sof yurakdan hurmat bildirur».
— «Birodarlik salomini», deb tuzating. Shunda iltifotimiz tugal boʻladi.

Tarzi ma’qul ishorasinda bosh irgʻadi.
— «Musibatli voqea yuz berganini, xalqimiz koʻzidagi nur, dinimiz tayanchi boʻlgan oliy hazrat padarimning oʻz yurtida sayohat etib yurgan chogʻida noma’lum jinoyatkor tomonidan oʻldirilganini chuqur alam va hasrat ila bildiraman». «Shuning bilan birgalikda, hijriy sanasining 1337 yilida, jumodul avvalning 19-kunida, ya’ni nasariy sanasining 1919 yili, 21 fevral kunida mustaqil va ozod Afgʻoniston poytaxti boʻlgan Kobulda podshohlik tojini kiyganligim hamda taxtga oʻtirganimni sizga ma’lum etaman...»

Tarzi maktubni oxirigacha oʻqib boʻlach, ikkinchi qogʻozni oldi:
— Horijiy aloqalar qoidasiga binoan men oʻz nomimdan tashqi ishlar noziriga maktub bitdim.
— Ma’qul, sardor. Hayallatmay joʻnatish tadorigina koʻrib qoʻygandirsiz?
— Fikri ojizimcha, eng yaqin yoʻl bilan — Mazori Sharif orqali Tirmiz qal’asiga yetkazmagimiz ayni muddao boʻlur.
— Bu sa’yimiz sir tutilmogʻi darkor. Rusiyadan javob olganimizdan soʻng harakatimizni oshkor etamiz. Maktub ittifoqiy odamlar qoʻliga tushmasligi shart. Amorat devonidagi ishonchli odamlardan birini tanlang. Uning yoniga... — amir bir zum oʻylandi,— yodingizdami, Kobulga noib ekanimda bir sovarni aytib edim. Nomini eslaysizmi?

Tarzi yelka qisdi.
— Men ham unutibman. Uni huzurimga chorlayman, deb edim. Shu yovqur sovarni topmoq lozim. Ha, Choraymoqdan edi. Musulmonsheva yigit, bir baqamti boʻlsangiz kifoya, bilib olasiz. Ikki notanish yigitni yoʻllasangiz, bir-birovidan hadiksirab, xoin boʻlsa-da, oʻzini tiyib, niyatiga yeta olmaydi. Alqissa, maktubimiz eson-omon yetib boradi.

Gʻulomqodir bomdodni oʻqib boʻlib, azmi tasbihu musalloga shaylanganida uni yoʻqlashdi. «Azharu min ash-shams amir Omonulloxon» huzuriga oshiqish zarurligini bilib ham ajablandi, ham bir oz xavotirga tushdi.

Amir saroyida xushta’m taomlar bilan qorinni toʻqlab olgan Gʻulomqodir kun yoyilmay turib, notanish hamrohi bilan birgalikda Mazori Sharif sari ot soldi. U amir bilan koʻp suhbatlashmadi. Omonulloxon gapni qisqa qildi. Gʻulomqodir unga e’tiroz bildirib, maqsadini bildirishga jur’at etdi. Amir uning gaplarini inobatga olmadi.

«Zimmangga yuklangan yumushni oʻrinlatuving Inglistonning oʻn pulton sarbozini mahv etmak ila barobar», dedi.

Balki olib ketayotgan nomasi gʻanimning butkul lashkarini qirib yuborar, bundan Gʻulomqodirga ne foyda? Sariq yuzli bu noboplardan birining qonini oʻz qoʻli bilan toʻkmas ekan, qasos tashnaligi bosilmaydi. Buni amir tushunmadi...

Gʻulomqodir nima qilsin, amir farmoni vojib. Hamrohini tanimaydi. «Bul vazifani saroyning ishonchli odamlariga emas, nechun menga topshirishdi? Men hamrohimni poylaymanmi yo u menimi?» — degan xayol to Mazori Sharifga qadar, undan daryoga yetib, kechib oʻtib, tiliga tushunmaydigan odamlarga roʻpara boʻlgunga qadar tinchlik bermadi. Bu bir umrga jumboq boʻlib qoldi, desak-da, yanglishmaymiz.

Daryoni suzib oʻtishgach, ularni qal’aga olib borishdi. Gʻulomqodir gapirdi, ular gapirishdi, bir-birlariga tushunishmadi. Tilmoch kelgandan keyingina har ikki tomon yengil tortdi.

Qal’a boshligʻi amirning muhri bosilgan maktubni olib, darhol inqilobiy harbiy qoʻmitani yigʻdi. Muhrga qaraganda muhim hujjat ekanini, uni Buxoro amiri yerlaridan omon-eson olib oʻtib, Toshkentga yetkazish zarurligini aytdi. Bir qancha takliflar muhokama etildi. Olimxon sarbozlari temir yoʻlni koʻp yerlarda buzib tashlagan edilar. Shu bois toʻrt kishi drezinada Toshkentga yoʻl oladigan boʻldi.
— Javobni kutasizlarmi? — dedi boshliq, elchilar huzuriga chiqib. — Biz uni Toshkentga joʻnatamiz.
— Biz-chi? — dedi Gʻulomqodir.
— Sizni yuborolmayman. Yoʻl xatarli. Istasangiz shu yerda kuting.
— Men kutaman, — dedi Gʻulomqodir.

Shunday qilib Gʻulomqodir Termizda qoldi. Hamrohi esa iziga qaytdi.

Uchinchi bob - Ayriliq Oʻti

1

Bu nima: tushimi yo oʻngimi? Nahot bir tirik jonga shuncha gʻam ravo koʻrilsa?! Nahot odam bu koʻrguliklarga chiday olsa? Bu mitti yurak oʻziga shuncha sitamni qanday sigʻdiradi? Bu qaygʻularga chidash bergandan koʻra yorilib keta qolmaydimi, uni azoblardan qutqara qolmaydimi?

Hech ishongisi kelmaydi. Kenjasi hali ham uyda Kalasning qulupnayini kutib oʻtirganday. Hovliga qadam qoʻyishi bilan, «adajonim keldilar!» — deb mahkam quchoqlab oladiganday...

Taqdirini, endigi hayotini ostin-ustun qilish uchun bir kecha kifoya qildimi? Unda kimning qasdi bor ekan? Qasd qilgan nomard, oʻziga roʻpara kelmaysanmi, pichogʻingni koʻksiga sanchmaysanmi, sanchib-sanchib xumoringdan chiqmaysanmi. Shu bolalarning hayoti uchun bir emas, oʻn joni boʻlsa hammasini bermasmidi. Pichogʻingni sanchib, burab-burab olayotganingda ham gʻiq etmagan boʻlardi-ku...

Kalasga ketayotganda gullab turgan xonadoni birdan huvilladi.

Ijara uy qidirib yurgan odam uzoqlashgach, safarga chiqishga oyogʻi tortmay qolgan edi-ya... Hatto Eskijoʻvaga borib, otga minganida ham uyiga qaytgisi keluvdi. Qayta qolmaydimi, bolalari bilan birga yonib keta qolaydimi?..

Koʻngil xijil boʻlsa ham, qorongʻi tushguncha yetib olay, deb otni qichab haydagan edi.

Bora-borgunicha yoʻl chetlaridagi xarob bostirmalarni, bostirmalar atrofida yurgan bechorahol odamlarni koʻrib, Asadullaning ichi achishardi. Somonsuvoq bostirmalarning har biridan nola eshitilganday boʻlardi. Shunday serhosil yerlarda dehqon nochor yashasa?! Oʻzi ekib, oʻzi oʻrib, oʻzi yanchgan donga zor boʻlsa?

Kalasga borayotgan Asadulla qishloqqa kiraverishda toʻxtashga majbur boʻldi: tarvaqaylab oʻsgan bir tup oʻrik daraxti ostida oq yaktak, oq ishton kiygan yalangoyoq chol yigirma qadamcha narida javdirab turgan oʻn yoshlar chamasidagi bolalarga qarab baqirar edi:
— Xonumonimni kuydirasanlarmi? Shuni ham koʻp koʻrasanlarmi! Insof bormi senlarda?!

Boshqa vaqt boʻlganida Asadulla cholning bu qiligʻidan ranjirdi. Chunki qariyalar mevalarni bolalardan hech qizgʻanishgan emas. Bola-baqra tosh-kesak otib bezor qilaversa, yolgʻiz poʻpisa bilan quvishgan. Hozir esa... chol astoydil haydayapti.

Asadulla otdan tushib, cholga salom berdi. Chol batartib kiyingan, istarasi issiq bu odamga ajablanib qarab qoldi.
— Otaxon, bolalarni qargʻamang. Bilmay qilishgan bu ishni.

Chol oʻz ishidan oʻzi uyaldimi, boshini sarak-sarak qilib koʻzini olib qochdi.
— Xoʻp gapni aytdingiz-ku, a, qargʻagan boʻlsam til uchida qargʻadim, azbaroyi... mayli, yeganlari osh boʻlsin, iloyim. Koʻz tikib turganimiz shu-da. Uyimda yeguligim boʻlsa, xudo bergan ne’matni qizgʻanib baraka toparmidim? Mulla odamga oʻxshaysiz, ahvolimiz ma’lumdir sizlarga?
— Ahvolingizdan xabar olay, deb keldim. Ijozat bersangiz, shu supangizda nafas rostlasam, — Asadulla shunday deb, otning oyogʻini tushovladi.

Chol uni nurab yotgan supaga boshladi. Titilib ketgan boʻyra ustiga oʻtirdilar. Chol quroq dasturxon yozib, sopol taqsimchada dumbul oʻrikdan qoʻydi. Asadulla xaltadan ikkita non, bir boʻlak qand chiqardi-da, bitta non bilan qandni cholga uzatib: «Ichkariga bering», dedi. Qariya nonga xijolat bilan qoʻl uzatdi.
— Oʻzingiz safarda ekansiz, taqsir, nasibangizni yarimta qilib...
— Oling, otaxon, olabering, yoʻl yurganning nasibasi yoʻlda, terib yeyaberadi.

Qumgʻon qaynab, choy damladilar. Asadulla qarasaki, chol qimtinib, nondan deyarli tishlamayapi. Shu sababli uni gapga solib, chalgʻitmoqchi boʻldi:
— Otaxon, davru davronlar oʻzgarib ketdi, turish-turmushingiz qalay boʻlyapti?

Chol ogʻzidagi nonni qult etib yutdi.
— Bu yil Yaratganning rahmi keldi shekilli, sal durust.

«Yaratganning rahmi keldi», degan gapni eshitib, Asadulla miyigʻida kulib qoʻydi.
— Yerlarni musodara qilishdimi? Sizga qancha tegdi?
— Peshonamizga bitgan, Xudo bergan bir parcha yerimiz bor. Musodara yerlardan bizga ham berdilar. Olmadik. Surishtiraman, desangiz, koʻpchilik olmadi. Oʻt bosib yotibdi yerlar.
— Nimaga?
— Sababi koʻp, taqsir.
— Siz shu sabablarni menga ayting-da. Mendan choʻchimang, niyatim gap oʻgʻirlash emas. Biz yer ishlaganniki boʻlsin, boy faqirning qonini soʻrmasin, deb inqilob qildik, yerlarni tortib olib sizlarga berdik. Bu uchun qon toʻkdik, to hanuz qon toʻkilyapti, qadrdon doʻstlarimizdan judo boʻlyapmiz. Siz esa boyga xizmat qilib yurib, endi oʻzingiz uchun ishlagingiz kelmaydi.
— Unday emas, taqsir. Asti unday emas. Ayt desangiz, aytay: bugun boyning yerini olsak, erta boy qaytsa shoʻrimizni quritmaydimi?
— Boy qaytmaydi, bunga yoʻl qoʻymaymiz. Hukumat ishchi-dehqonniki, boyniki emas. Mana men hukumat a’zosiman. Siz nuqul taqsir, taqsir deysiz. Men siz bilgan taqsirlardan emasman. Aslimni soʻrasangiz, imoratsoz ustaman.
— Bu gaplarni xoʻp eshitganmiz. Bari bir yurak dov bermaydi-da. Yurak dov bergani bilan choʻpchak aytsangiz ekin boʻlavermaydi. Yerga qarash uchun ot-ulov kerak. Besh panja bilan shudgor qilolomasak... Bilmadim, nima boʻlyapti oʻzi, astagʻfirullo, oxir zamon deganlari shumikin?
— Oxir zamoningiz nimasi, yangi zamon boshlanyapti. Oʻzbekning bagʻriga shamol tegadigan, davru-davron suradigan zamon boshlanyapti. Bu zamonning qadriga siz bilan biz yetmasak, uvoli tutadi. Harakat qilish kerak, jon kuydirish kerak.
— Xoʻp gaplarni gapiryapsiz-da, taqsir, — chol shunday deb boʻshagan sopol piyolani toʻntarib qoʻydi.
— Siz nondan oling, gapga solib, choydan qoʻydim-ku, sizni.
— Qulluq, taqsir, qorinning xarxashasi tindi. Kambagʻalning toʻygani — chala boy boʻlgani. Chala boy boʻldik bugun. Sizlarning qadamlaringiz yoqib, chin boy boʻlib ketsak ajabmas... Endi... meni gapga solganingiz bilan, sezib turibman, bir yumush bilan kelgansiz bu tomonlarga.
— Uch-toʻrt dehqon toʻppa-toʻsindan omonatini topshirgan emishmi?
— Ha... — chol afsuslanib bosh chayqab, soqolini tutamladi. — Bahorda yangi hukumat yer bergan edi. Odamlar: «Birovning haqqi, olmanglar», deyishibdi. Oʻjarligimi yo, bilmadim, boshqa sababmi, boshlarini yedi-da. Joʻjabirday jon edi hammasi.
— Kimning yerlari edi?
— Toshkentlik Hasanxon hazratniki.

Bu gapdan soʻng masala oydinlashganday boʻldi. Hasanxon hazrat... Asadulla uni yaxshi biladi. Sibirga surgun boʻlgunga qadar koʻp duch kelgana unga. Yangi maktab desa quzgʻunday uchib kelib, yakson qilguchi zot edi u. Hurriyat arafasida «Shoʻroi islomiya» shu hazratning istagi bilan ikkiga boʻlinib, «Ulamo» yuzaga keldi. Asadulla oʻshanda, «vabodan ham, oʻlatdan ham battar jamiyat», deb baho bergan edi unga. Eng muhimi... «Ulamo» Asadullani oʻlimga hukm qilganda shu hazrat oq fotiha bergan edi.

Qoʻqon muxtoriyati boʻgʻilgach, bu hazratning ham nafasi oʻchgan edi. Uni oʻlgan yo qochgan, deb taxmin qilardilar. Uning tasarrufidagi yerlarda dehqonlarning toʻsatdan oʻlib qolishlari, soʻng «qargʻish tekkan yer», deb ovoza tarqalishi Asadullada shubha uygʻotdi. Bu hazratning ishimi yo noma’lum kavaklarda jon saqlayotgan muridlarnikimi, shuni bilmay hayron edi.

Koʻchada eshak yetaklagan oʻn toʻrt-oʻn besh yoshlar chamasidagi bola koʻrindi. Bola qari eshak bilan bahs boylaganmi, qovurgʻalari aniq-tiniq sanalguday edi. Bola hovli tomon qarab, qariyaga salom bergan choqda eshagi munkib ketdi-yu, ustidagi bir qop bugʻdoy tushib, sochildi. Bola picha garangsib, sochilgan bugʻdoyga tikildi. Soʻng yoshiga yarashmagan holda yigʻlab yubordi. Qariya oʻrnidan chaqqon turib, bola tomon yurdi.
— Nimaga yigʻlaysn, bolam, yigʻlama. Xudoga shukr qil, bugʻdoy toʻkildi, endi yurtda serobchilik boʻladi, shukr qil, bolam, shukr qil.

Chol toʻkilgan bugʻdoyni koʻziga surtib «xudoyimdan aylanay, serobchilik yuboradi endi», deb qoʻydi. To bugʻdoyning soʻnggi boshogʻi terib olinguncha chol bu gapni bir necha marta takrorladi. Bir dona ham boshoqqa xiyonat qilmagan chol yaqindagina oʻrik qoqqan bolalarni haydagan odamga sira oʻxshamas edi.

Asadulla qorongʻi tushgani uchun qishloq oralamadi. Chol bilan shu supada yotib qoldi. Azonlab turib, uyma-uy yurdi. Soʻrib-surishtirdi. Hammaning ogʻzida bir gap: qargʻish tekkan yerda ishlamasliklari lozim edi... Asadulla bu gaplarni eshitgani sayin koʻngliga xavotir oralardi. Dehqonlarning birdan shaytonlab, jon berishlari ular zaharlanganliklaridan dalolat berardi. Shoʻrolarga ishonmay yurganlar shu ishga astoydil bel bogʻlagan boʻlsa, ularning payini qirqish qiyin boʻladi. Odamlar yerlarga qargʻish tekkaniga ishonib, dalaga chiqmay qoʻyadilar. Oqibatda minglab tanob yer qarovsiz qoladi. Bu, demak, yurtga kutilmagan yangi qahatchilik chovut soladi.

U hurriyatdan keyin hamma narsa oʻzgaradi, yaxshi boʻlib ketadi, deb bekor kutgan ekan. Mal’unlarning mal’unligi oʻzgarmay qolarkan. Kiyimlar boshqa, muomalalar boshqa, ammo dehqon haqiqat nimadaligini bilolmay hanuz hayron.

Asadulla oʻzicha shu xulosaga kelib, shaharga qaytdi. Kun tik kelganda Toshkentga kirdi. Xulosalarini bayon qilish maqsadida toʻgʻri Markaziy Ijroqoʻmga uchragan edi, unga, «tezda uyingizga boring», deyishdi. Bu gapni eshitib, yuragi shigʻ etib ketdi. Nimaga shunday boʻlganini oʻsha topda bilmadi.

2

Gullab turgan, charaqlab turgan, yashnab turgan uy bir kechada kuyib, koʻmirga aylansa...

Endi quyosh nimaga chiqyapti, nimaga nur sochib turibdi... Endi bu quyosh, bu nurning unga nima keragi bor...

Turkijroqoʻmdan avtomobilda yoʻlga chiqqan Asadulla uyiga yetib kelgach, qorayib turgan devorlarni koʻrdi-yu, esi ogʻib qolayozdi. Shoshilganidan avtomobil eshigini qanday ochishni bilmay timirskilandi. Haydovchi chaqqonlik bilan pastga tushib, eshikni ochmaganda anchagacha shunday oʻtirishi tayin edi. Pastga tushgach, toʻplanib turgan odamlarga qaradi. Koʻz oldi qorongʻilashganidan ularni daf’atan tanimadi. U oʻsha odamlar orasidan xotini, bolalari ajrab chiqishini kutdi. Lekin ular koʻrinmadi... xotini, bolajonlari koʻrinmadi... «Qulupnay olib keling», deb qolgan kenjatoyi koʻrinmadi...
— Qani... bolalarim qani?!

U, nazarida, jonholatda, bor ovozi bilan baqirdi. Aslida esa bu dardli soʻroq titrab, lablaridan bazoʻr uchdi. Uyiga talpinib, yugurmoqchi edi, tosh qotgan oyoqlarini qimirlata olmadi.

Kimdir yaqinlashib unga dalda berdi — soʻzlar qulogʻiga kirmadi. Boshqalar ham unga bir-bir yaqin kelib gapirdilar. Bu gaplarni ham anglamadi. U hozir bir narsani aniq bilardi: uyi yongan. Xotini, bolalariga bir nima boʻlgan. Nima boʻlgan: kuyishganmi? Shifoxonaga olib ketishganmi ularni? Asadullaning koʻz oldi bir oz ravshanlashdi; darhaqiqat, yengil-elpi kuygan boʻlsa davolagani olib ketishgandir... Oʻzini oʻrab turgan odamlar koʻzidagi mungni koʻrib birdan tomogʻiga nimadir qadaldi. Bilagidan ushlab turgan odamni tanidi: Shuvalov. Tuproqqoʻrgʻonda topishgan, birga yaralanib, birga davolangan, sinashta boʻlib qolgan doʻsti. Shuvalov uni uy tomon boshladi. Asadulla unga suyanib ogʻir-ogʻir qadam bosardi. Boshqalar turgan yerlarida qolishdi.

Avval hovliga kirdilar. Kechagina bu hovlida atirgulning dastlabki gʻunchasi lab ochgan edi. Qad rostlab, shoxlay boshlagan rayhonlar hidi atrofga taralardi. Endi hammasi toptalgan. Oʻtni oʻchirishayotganda payhon qilib tashlashgan. Hozir Asadullaning koʻziga bular koʻrinmaydi. Hozir uning koʻzi uyga olib kiruvchi eshik oʻrnida. Nazarida bu yonib ketgan eshik oʻrni emas, balki oʻlim gʻoriga boshlovchi qora tuynuk boʻlib koʻrindi.

Shuvalov uni uy ichiga emas, hovli etagiga, mevasi pishay-pishay deb turgan bahaybat balxitut tomon boshladi. Tut tagidagi supaga boʻyra solingan. Unda nimadir doʻmpayib turibdi, ustida ancha uringan choyshab. Asadulla bu manzarani keyinroq elas-elas eslaydi. Hozir esa yonidagi odamni nari itarib, supa tomon intiladi. Oyoqlari chalishadi. Supaga yetib kelib choyshabni tortadi...

Asadulla koʻrganini dahshat deb boʻlmas. Chunki dahshatni koʻrganda odam zoti qoʻrquvga tushadi. Undan qochishga yoki uni daf etishga kirishadi. Yoʻq, bu dahshat emas, tasvirlashga soʻz ojizlik qiluvchi undan battar narsa edi...

Jizgʻanagi chiqib ketgan xotini, bolalari akashak boʻlib yotishardi. Kenjasi onasiga qattiq yopishgan. Uni ajratib olisholmagan shekilli... Uyqusida onasini achomlab yotishni yaxshi koʻrardi. Shunday yotibdi.

Hali oʻt toʻla oʻchmay turib, uyga birinchi boʻlib Shuvalov otilib kirgan edi. Alanga bosilgani bilan hali gʻoʻlalar pisillab oqish tutun chiqarardi, bu tutunda uy ichini koʻrish mahol edi. Shuvalovning koʻzi burchakdagi qorani ilgʻadi. Yaqin borib qaradi: oʻrtada ona, atrofida bolalari. Ona tovuq joʻjalarini qanoti ostiga yashirganday Hojiyaxon ham bolalarini quchoqlab olgan...

Shuvalovning koʻrgani shu. U hali eshik, derazalar oldiga gʻoʻzapoyalar uyulib, ustiga yermoy sepilib yoqib yuborilganini, ichkariga tutun oʻrmalab kirishi hamon Hojiyaxonning uygʻongani, bolalarini uygʻotgani, yoʻl topolmay oʻzini har yon urgani, bolalarning avval qoʻrquvga tushib, soʻng jon achchigʻida faryod urganlarini bilmaydi.
— Adajon, qaerdasiz!!!
— Adajon, jon, adajon!!!

Bu norasidalarning, bu onaizorning ne azoblar bilan jon berganlarini hech kim bilmaydi. Koʻz oldiga ham keltira olmaydi. Eng oxirida kenjatoyning joni uzildi. Onasini qattiq quchoqlab, dodlashga ham qurbi yetmay oʻtdi bu olamdan...

Zorlanib chaqirganlari, adajonlari keldi...

Nechun jimsan, Hojiyaxon? Koʻz ochib koʻrganing, yoʻllariga koʻz tikkaning, Sibirda yurib seni sargʻaytirgan, xavotirga solgan shirinsoʻz ering keldi. Och koʻzlaringni, hech boʻlmasa bir ogʻizgina gapingni aytib ketgin...

Nechun jimsiz, bolalar? Otangiz hovliga qadam bosishi bilan hammangiz yugurar edingiz, boʻyniga osilar edingiz... Sizga, sizning oʻrtoqlaringizga savod oʻrgatuvchi, kitoblar oʻqib beruvchi, ertaklar aytuvchi, sizlarni dorilfununlarda oʻqishlaringizni umid qiluvchi mehribon dadangiz keldi. Hech boʻlmasa sizlar bir nima denglar...

Kenjatoy, sen-chi? Sen nimaga jimsan? Axir sen emasmiding dadang kelganda eng koʻp suyunadigan. Sen emasmiding, dadangning quchogʻidan tushmay, kalta soqolini silab oʻtiradigan. Sen emasmiding uni hammadan qattiqroq quchoqlab oladigan... Sen ham gapirmaysanmi?

Nimaga jimsizlar? Axir dadangiz keldi...

Asadulla supaga chiqdi. Xotini yoniga tiz choʻkdi. Birdan atrof qorakuyaga aylandi qoldi. Nafasi tiqildi. Qulogʻi shangʻilladi. Soʻng shangʻillash tindi. Atrof sokin... Tiq etgan tovush yoʻq. Koʻz oldidagi qorakuya ham yoʻqoldi. Hammayoq oppoq... oppoq... Hech nima koʻrinmaydi. Atrofda hech nima yoʻq...

3

Gospitaldagi vrachlar, Asadulla uchinchi kuni ham hushiga kelmagach, undan umid uza boshlagan edilar. Lekin muolaja ta’sirdanmi yohud azob-uqubatlarda toblangan jismi bu safar ham mash’um koʻrgilikka bardosh berganidanmi, ishqilib, toʻrtinchi kuni koʻzini ochdi. Badani zirqiradi, miyasi gʻuvilladi. Biron nimani daf’atan anglay olmadi. Sibirdaligida yomon tush koʻrganda shunday boʻlardi. Bugun tushida nimani koʻrdi? Uyi... yongan uyi... bolalari... Esladi. Hammasini esladi. Supani, supadagi xotini, uni quchoqlagan kenjasi...

U ingrab yubordi.

Asadulla koʻzini ochganda navbatchi hamshira doktorga yugurgan edi. Doktor kirganda Asadulla yana behush yotardi. Doktor uning bilak tomirini ushladi. Hamshiraga savolomuz qaradi.

Bir ozdan soʻng Asadulla yana koʻzini ochdi. Bu safar miyasidagi gʻuvillash kamaygan edi. Doktor oʻtkir hid tarqatayotgan suyuq dori tutdi. Qurushgan lablar unga itoat etmadi. Dori toʻkilib, jagʻidan tomogʻiga oqdi. Doktor uni suyab, qaddini koʻtardi. Asadulla koʻrganlari tushimi yo oʻng ekanni soʻramoqchi boʻldi. Biroq unga tili ham boʻysunmadi.

Keyingi kunlarni bir hushidan ketib, bir oʻziga kelib oʻtkazdi. A’zolari asta-sekin oʻziga boʻysuna boshladi. Ikki haftadan soʻng, oʻzini tetik sezib, oʻrnidan turdi.

Uning oldiga asosan Shuvalov kelardi. Ahamiyatsiz, Asadullani mutlaqo qiziqtirmaydigan voqealarni gapira-gapira chiqib ketardi. Uning shoshib turganini Asadulla sezardi. Hozir ChK xodimining kasalni yoʻqlashdan muhimroq ishlari boshidan ortib yotibdi. Shu sababli ham Asadulla uni tutib turmasdi. Shuvalov har safar Asadulla boʻlib oʻtgan mudhish voqeadan soʻz ocharmikin, deb choʻchirdi. Bu voqeani eslash, hayajonlanish Asadullani yana toʻshakka mixlashi mumkin edi. Bu voqea haqida soʻz ochila bermagach. Shuvalov avval: «Nahot butunlay unutgan yo xotirasiga bir nima boʻladimi?» — deb oʻylardi. Soʻng uning botiq koʻzlaridan nur qochganini, ba’zan bir nuqtaga tikilib oʻyga botganini koʻrib, uning irodasiga qoyil qolardi.

Asadullaning xotirasi joyida, mudhish manzarani unutgani yoʻq edi. U hamma narsani esidan chiqarishi mumkin, ammo bunisini unutmaydi. Hatto oradan yillar oʻtib, soʻnggi nafasi chiqayotganda eslaydigan narsasi ham shu boʻladi. Koʻz oldiga qora parda tortilganida shu manzara — jizgʻanagi chiqqan xotini, unga yopishgan kenjatoyi koʻrinadi. Qattiq uf tortadi. Keyin ikki koʻzidan ikki tomchi yosh sizib chiqib yonogʻiga dumalaydi... Vassalom... Bunga hali bir necha yil bor. Asadullani hali oldinda koʻp sinovlar, koʻp kurashlar kutadi...

Hozir u gospitalning keng xonasida yolgʻiz. U endi oʻlim haqida oʻylamaydi. Chunki bu haqda oʻylash — oʻlimdan qoʻrqish demak. Asadulla bu qoʻrquv maydonidan oʻtib boʻlgan. U koʻproq qotilning kimligini oʻylaydi. Har safar koʻz oldiga ijara, boshpana qidirib yurgan ayiqday yigit keladi. «U-ku, bajaruvchidir. Uni yoʻllaganlar kim?» Asadulla ba’zan «Ulamo»ning hukmini eslaydi. Bu hukm oʻn yettinchi yilning yozida oʻqilgan edi. Oradan ikki yil oʻtib... Bolalarida nima gunoh edi? Yo uni ham uyda deb gumon qilishganmi?.. Ikki yildan soʻng hukmni ijro etish ularga nima sababdan zarur boʻlib qoldi?.. Asadulla turli taxminlarga borardi. Qotillikdan maqsad — Afgʻonistonga borajak vakolatga toʻsqinlik ekani haqidagi oʻy xayoliga kelmas edi.

4

Muhiddin Asadulla bilan uchrashgandan keyin muyulishdagi paxsa devorga suyanib turgan yigitga yaqinlashdi.
— Oʻsha odamni tanib oldingmi? Hali kechroq uyiga qaytadi. Qaytganidan keyin boshlaysanlar. Ovoz chiqmasin. Sen shu uydan koʻz uzmaysan. Mening kimligimni bilasan, a?

Bu gap xotinini boy bergan qimorbozga malol keldi.
— Oʻ, manam yuribman erkakman, deb, ja tuproqqa qorishtirvormang, oka!

Muhiddin uni yelkasiga urib qoʻydi.
— Yigitligingga borman-da.

Muhiddin qimorbozlarning bir soʻzli ekani, aytganidan qaytmasliklarini bilardi. Shu uchun xotirjam edi. Oqshomda yana toʻrt qimorboz somonbozorga keldi. Ular aravaga gʻoʻzapoya bosib, Mirobodga joʻnadilar.

Qorovullikda qolgan yigitning koʻzi koʻchaga tikila-tikila toldi, yuragi siqildi. Oxiri bor-e, dedi-yu, samovarxonaga kirib, piyolaga koʻknoridan ezib, ichib oldi. Gʻira-shira qorongʻida samovarxonada nimadir sharaq etib, kayfini uchirib yubordi. U shoshib oʻrnidan turdi-da, Muhiddin tayinlab ketgan joyga joʻnadi. Atrofga timqorongʻilik tushganda arava gʻildiraklarining gʻijirlashi eshitildi.
— Keldimi?
— Keldi. Uyida xotinini quchoqlab yotibdi...

Tun yarmidan oqqanda Asadullaning uyida alanga koʻtarildi...

Muhiddin Asadullaning qanday tirik qolganini bilmaydi. Qorovullikdagi yigit yuz qasam ichsin, ming qasam ichsin, foyda bermadi, bari bir asfalasofilinga joʻnadi. Boshqalar oʻz ishini bilib qilgan edi. Muhiddin ularga tegmadi.

Xauston Muhiddinning Asadullaga duch kelib qolganidan bexabar edi. Agar buni bilganida safar tadorigini tezlatardi.

Asadullaning tirik qolishi uning rejalarini koʻp ham oʻzgartirmadi. U tirik qolgani bilan bu mudhish voqeadan keyin oʻziga kelishi qiyin. Agar bolsheviklar shoshilayotgan boʻlsalar, uni kutishmaydi. Oʻrniga boshqa odam joʻnayveradi. Lekin ungacha ancha vaqt oʻtadi.

Eng muhimi, u hozir Buxoroga beshikast yetib olishi kerak. Mirkomil hoji uning maslahatiga amal qilib, «Xudo yana haj qilishni koʻngliga solganini» masjid ahliga bildirib qoʻydi. Muhiddin esa Xasanxon hazrat tirik ekanlar, besh-oʻn muridlari bilan Afgʻonistonga ketmoqchilar, degan gapni uch-toʻrt odam orasida ma’lum qildi. Xabarning qanot chiqarishiga shuning oʻzi kifoya edi.

Xaustonning rejasicha, Muhiddin aeroilga ham pichoq tortib yuborishdan qaytmaydigan besh-oʻn ishonchli yigiti bilan Mirkomilboyning qanotiga kirishi kerak. Yana bir guruhni — «Afgʻonistonga boruvchi muridlarni» ham oʻylab qoʻygan. ChK tuzoq qoʻygan boʻlsa shular tushadi. Guruhboshi ham aniq — Tal’at maqsum degan betayin jadid. Hali unga qoʻshilib, hali bunga qoʻshilib gangib yuribdi. Xauston bir-ikki sirni unga aytib qoʻysa bas. Qoʻlga tushib, qiynoqqa chidamay gullaydi-yu, tamom-vassalom. Unga chippa-chin ishonishadi. Mirkomilboyning borib-keluvi esa xamirdan qil sugʻurgandek boʻladi.

Asadulla gospitalda shifo topayotganida Xaustonning oʻy-hayoli shu edi.

5

Doktorlar xatar orqada qoldi, endi bemor odamlar orasida koʻproq yursa, xotiralardan picha uzoqlashadi, xayoli faqat dahshat bilan band boʻlmaydi, ish bilan ovunadi, deb unga ruxsat berishdi.

Asadulla Turkijroqoʻmdan yuborilgan avtomobilga oʻtirmay, uyiga piyoda ketdi. U uy oʻrnida xarobani koʻraman, deb yurak yutib borgan edi. Koʻchasiga burilib qarasaki, uyi oʻsha-oʻsha turibdi — devorlar oqlangan, atrof sarishta... Faqat... boloxona yoʻq.

Eshik ogʻzida turib ichkari kirishga yuragi betlamadi. Birdan hovlida kimdir chelakni tepib yuorganday boʻldi. Birov gapirdi. Hatto kenjatoyi shod qiyqirdi shekilli? Chelakni shu bolajoni tepib yubordimi? Nahot... hammasi tush boʻlsa... Nahot xotini, bolalari tirik?! Uning kasalxonadan qaytishini kutishyaptimi?

Asadulla, nafasi qaytib, eshikni shart ochib, ichkariga qaradi. Hovli oʻrtasida chelak koʻtargan Shuvalov turardi... Hovliga qadam qoʻyib, etak tomon koʻz tashladi: supa ham huvillagan.

Shuvalov u bilan salomlashdi-yu, ortiq gapga tutmadi. Samovar oʻtxonasiga tarasha tashlab, puflay-puflay oʻt oldirdi.

Uyga qarasa ham, supaga koʻzi tushsa ham Asadullaning yuragi zirqirardi. Bu yerdan qochib ketgisi kelardi. Lekin bu oniy tuygʻu edi. Axir bu yerlardan qochib, qayga ham ketari. Dahshatdan dalolat berib turuvchi bu imoratdan-ku, qochib, uzoqlashar, ammo xotiralaridan qayga qochadi, nimaga qochadi? Mudhish kechmish yonida shirin xotiralari ham bor-ku, ular uyga qoʻshilib yonib, kulga aylanmagan-ku?!

Shuvalov ayvonga joy oldi. Asadulla zinaga oyoq qoʻyaturib beixtiyor shiftga qaradi. Oʻzi hafsala bilan tergan toqilar yonib bitgan. Endi toqi oʻrniga duch kelgan qingʻir-qiyshiq poyalar tashlanib, ustiga loʻmboz bostirib qoʻyilaverilgan. Ayvon shifti bilan devor birlashgan joyda qaldirgʻochning ini yoʻq. Uylari kuyib qayoqlarda chirqirab yurishgan ekan? Tuxumiga ilhaq ilon-chi? Jon saqladimi yo kuyib ketdimi? Qaldirgʻoch polaponini ochganda... qutqara olardimi yo...

Toʻshalgan koʻrpacha notanish. Biroq... choynak-piyolalar oʻzlariniki, Hojiyaxon shu choynakda choy damlardi, shu piyolalardan biriga quyib uzatardi. Anavi labiga gʻazal bitilgan xitoyi piyolasini bolalari talashishardi. Unga koʻproq oilaning erkatoyi ega chiqardi...

Yoʻq, Asadulla choy icha olmadi. Doʻstining koʻnglini ranjitmaslik uchungina piyolani qoʻliga oldi. Piyolaning issigʻi Hojiyaxon qoʻlining taftiday tuyuldi unga. Oʻsha kuni ertalab piyolada choy uzatib, «hadeb oʻzingizni oʻtga-choʻqqa uravermang», degan edi. Shunday deb... oʻzi oʻt ichida qoldi...

Shuvalov bir haftadan beri shu uyda yashayotanini, Asadullaga malol kelmasa bundan keyin ham shu yerda qolish niyati borligini aytdi. Asadulla uning nima sababdan bu qarorga kelganini oʻylamadi ham, «istagingiz», deb qoʻya qoldi.

Uy ichkarisidan hali tutun, ohak hidi anqib turardi. Shuning uchun, Shuvalov ayvonga joy soldi. Asadulla goʻyo mehmon edi, xizmatni Shuvalov qilardi.

Asadulla tongga qadar choʻgʻ ustida yotganday boʻldi. Tongga yaqin koʻzi ilingan ekan, qaldirgʻochning vijir-vijiridan uygʻonib ketdi. Shart koʻzini ochib, shiftga qaradi. Nazarida uyilon toqilar orasidagi teshikdan chiqib, qaldirgʻoch iniga hamla qilayotganday edi. Shiftda ilonni koʻrmadi. Axir qaldirgʻochning ovozini aniq eshitdi-ku! U qani? Bir vaqt ayvonga qaldirgʻoch uchib kirdi. Yengil suzib, shiftga yaqinlashdi-yu, yana tezgina hovliga otildi.

Bu ona qaldirgʻoch uyasida polaponlarini kutayotgan edi. Avvaliga ilon hamla qildi, undan omon saqlab qolishdi. Keyin oʻt... Bu baloga bas kelisha olishmadi. Hozir boshqa yerga uya qurishgan. Lekin har tong shu tomon uchgisi keladi. Avval qorayib turgan devorlarga uncha yaqinlashmasdi. Keyin devorlar asl holiga keldi. Keyin odam isi anqidi. Shundan soʻng ayvonga dadil uchib kiradigan boʻldi. Avval ayvonga bir martagina uchib kirardi. Bu tong ilonni daf qilgan odamni tanib, yana bir marta uchib kirdi...

Shuvalov yengil xurrak otib uxlardi. Asadulla oʻrnidan turib, hovliga tushdi. Koʻtarilayotgan quyoshni endi koʻrayotganday mashriqqa tikilib qoldi. Keyin oyoq ostiga qaradi. Toptalib, singan atirgul tanasidan yangi novdalar chiqa boshlabdi. Ildizi omon qogan rayhonlar ham novda chiqaray deb qolibdi. U yer-bu yerda koʻkatlar bosh koʻtaryapti. Ular orasida oʻtgan kunlar sharpasi sassiz ivirsidi. Soʻng yangi oqlangan uy devorlariga urilib, jarangladi. Shunday jarangladiki, Asadullaning qulogʻi qomatga kelib, oʻzi chayqalib tushdi. Xotiralar oqimi toshib, dilini ovlab, talashib, qora oʻpqonga tortayotganda birdan koʻzi oshxona yonidagi ketmonga tushdi. Loyxonada ishlatilganicha qolib ketgan ketmonni zang bosgan edi. Asadulla choʻp olib, ketmonga yopishib qotgan loyni qirdi, soʻng atirgullar atrofini yumshatdi. Qoʻshni devori ostidagi koʻmilib qolgan quvur ogʻzini ochdi. Keyin koʻchaga chiqib, suv boyladi. Dam oʻtmay gulzorga suv oqdi.

Shuvalov oʻrnidan turib, Asadullaning harakatlarini kuzatib, koʻngli ravshanlashdi. «Har gʻamning poyoni, har alamning oxiri boʻlishi kerak-da, oʻzi», deb oʻyladi.
— Dehqonchilik zoʻr-ku, Mira’lamovich! — dedi quvnoqroq ohangda.
— Ha... yerga qaramasa uvoli tutadi. — Asadulla shunday deb, qaddini rostladi. Anchadan beri bunday ish qilmagan va bedarmon ekanidan hansirab qolgan edi.

Shuvalov yana nima deb uning koʻnglini koʻtarishni bilmay turganida Asadulla ayvonga yaqinlashib, oʻzi soʻz ochib qoldi:
— Vitaliy Sergeevich, siz Afgʻonistonga joʻnashingiz kerak edi-ku?
— Shu hafta ichi afgʻonlar kelishi kerak. Shuni kutishyapti shekilli. Keyin... Moskva Xmarinning nomzodini hali tasdiqlamagan.
— Tasdiqlamasligi ham mumkin... Vitaliy Sergeevich, vakola hay’atini nimaga asoslanib tanlashgan, bilmaysizmi?

Shuvalov Asadullaga qarab, kulumsiradi:
— Sen Markaziy Ijroqoʻm a’zosisan, men oddiy chekistman, hay’atni Markaziy Ijroqoʻm tasdiqlagan, demak, bu savolni men senga berishim kerak.
— Men bir odamning qoʻshilishiga qarshi chiqqan edim. Ushinskiyning kimligini bilasizmi? Sobiq eser. Oʻn yettinchi yil yozda men u bilan jazo otryadini kutib olganman. Biz Korovichenkoning soldatlariga Toshkentdagi vaziyatni toʻgʻri tushuntirishimiz lozim edi. Soldatlarni: «Toshkent kallakesarlarga toʻlib ketdi, oʻzbeklar oʻrislarni bir chekkadan soʻyshiyapti», deb ishontirishgan ekan. Men bir tomondan, vaqtli hukumat nayranglaridan gapirsam, bu odam bolsheviklarning gʻoyasi puchligini gapiribdilar. Oxiri bir poruchik menga, «qay birlaringga ishonaylik», deb qoldi.
— Mira’lamovich, bu ikki yil avvalgi gap. Zamon oʻzgardi, odamlar oʻzgardi. Balki Ushinskiy ham... Unda shaxsiy adovating yoʻqmi oʻzi?

Asadulla qoʻlidagi ketmonni jahl bilan nari otdi-da, shaxt bilan yurib Shuvalovning roʻparasiga kelib toʻxtadi.
— Shaxsiy adovat... Siz ham shunday oʻyladingizmi?.. Agar bilsangiz... men mana bu tomirlarimni, — Asadulla shunday deb bilagini koʻrsatdi, — yurtim ozodligining tomirlariga ulaganman, Shaxsiy adovatga quloq tutib yurgandan koʻra, pana-panada toʻpponcha tutib yoʻl poylardim.
— Mir’alamovich, seni ranjitdim shekilli, kechir meni, Ushinskiy masalasida... unga qarshi biror dalil boʻlmasa... Umuman, hozirgi ahvolni anglab turibsan. Turkiston Markaziy Ijroqoʻmida ham, partiya markazqoʻmida ham tushunarsiz ishlar boʻlyapti. Chetdan kelganlarga munosabatlarini aniq bildirishyapti. Meni ham shu sababli elchilar safiga qoʻshishgan, bilib turibman. Men chekistman, maxsus topshiriq bilan kelganman, diplomat emasman. Xullas, Mira’lamovich, partiyada boshqacha fikrlaydigan odamlar ham bor ekan. Avval mahalliy millat vakillariga toʻsqinlik qilishdi, endi markaz yuborgan vakillarning koʻkragidan itarishyapti. Katta gʻoyaviy kurashlarning isi kelib turibdi.
— Vitaliy Sergeevich, oʻsha majlisda sizni «sobiq politsiyachi» deyishdi?

Shuvalov qoʻl siltadi.
— Deyishsa deyishaverishsin. Politsiyachi boʻlganman, toʻgʻri, xoʻsh, nima qipti?
— Qanday qilib?
— Mana, sen Mira’lamovich, bir paytlar «Ulamo» degan jamiyatdan kechirim soʻragan ekansan-a? Gapimni boʻlma. Demak, tavba qilgansan. Men esam shaxsan imperator hazrat oliylariga tavba qilganman. Xoʻsh, nimasi yomon? Men dvoryanlardanman, ha, asl dvoryanlardanman! — Shuvalov shunday deb koʻrsatkich barmogʻini yuqoriga nuqib qoʻydi. — Beshinchi yildagi ishlarim uchun qamashdi. Men tavba qildim. Xoʻsh, qamoqda burga boqib yotganim yaxshimidi yo yolgʻondan tavba qilib, ozodlikda inqilob ishini davom ettirganimmi? Men ikkinchisini tanladim. Ha, buni yashirmayman. Bundan afsuslanmayman ham. Tavbam inobatga olinib, Orenburg politsiyasida ishlaysan, deyishdi. Amalning eng kichkinasini berishdi. Asl dvoryan uchun haqoratli edi bu, ammo chidadim. Ana endi ayt: bolsheviklar ishi uchun qamoqdagi odam kerakmidi yo politsiyachi zarurmidi? — Bosiqlik bilan soʻz boshlagan Shuvalov shu yerga kelganda asablarini jilovlay olmadi. — Mening mana bu yerim, — koʻksiga mushtladi,— inqilob tomiriga ulangan.
— Vitaliy Sergeevich, siz meni notoʻgʻri tushundingiz, — dedi Asadulla, — men sizni ayblaganim yoʻq-ku? Boshqa yerda, Moskvadami, Kievdami, Tiflisdami ishlaganingizda balki eslatmas edim, Orenburgga tegishli bir gapim bor. U kunlarni eslash malol kelsa, mayli, soʻramay qoʻyaqolay.
— Soʻrayver, Mira’lamovich, sendan xafa boʻlganim yoʻq. Soʻrayver.
— Surgun boʻlmasimdan avval biz orenburglik oʻrtoqlar bilan yaqin aloqada edik. Men bunda oʻzbekcha gazit chiqarar edim. Orenburgdan oladiganimiz «Soldat» degan gazitni oʻzimiznikiga qoʻshib yashirincha tarqatar edik. «Soldat»ni bilarsiz?
— Bilmay-chi, necha marta fosh boʻlishidan oʻzim asrab qolganman.
— Xullas, Orenburg inqilobchilari bilan aloqamiz durust edi. Bir faolimiz oʻsha yoqqa joʻnadi-yu, izsiz ketdi. Oradan koʻp oʻtmay, bizni bitta-bittadan, risoladagiday qilib terib oldilar. Faolimizning izsiz ketishi bilan bizning fosh etilishimiz orasida bogʻliqlik yoʻqmikin, deb koʻp garang boʻlaman.
— Kim edi oʻsha faolingiz?
— Irisov, Rafiq Irisov.

Shuvalov iyagini qashib, oʻyga toldi.
— Irisov... Irisov... — dedi u pichirlab, keyin Asadullaga boqdi. — Ha, esladim. Shunaqa nusxani qoʻlga olganmiz. Birinchi soʻroqdayoq gullagan. Agar yanglishmasam, savdogar oilasidan edi, a? Oʻylamay-netmay ishonavergansizlar.
— Orenburgga borib-kelishi xavfsiz edi, shu nazarda tutilgan.
— Oʻlchovni kalta olgansizlar, kalta oʻylagansizlar. Orenburgdagi oʻrtoqlarni ogohlantirishga ulgurdik. Sizlarni...
— U-chi?
— Kim? Irisovmi? Qoʻyib yuborilgan.
— Bu yerga qaytmadi-ku? Axir bu yerda oilasi bor.
— Shu yerdami, Toshkentdami? — Shuvalov sergak tortdi. — Oʻzining kelmagani aniqmi?
— Kelmagan deyishadi.
— Mira’lamovich, iltimos sendan, aniqla shuni. Bilasanmi... bunaqalar bir-ikki odamni sotib tinchishmaydi. Balki qaytgandir, yashirinib yotgandir. Kimlarningdir topshiriqlarini bajarayotgandir.

Shuvalovning bu gapi Asadulla uchun antiqa boʻldi.

6

Shu kuniyoq Oʻqchiga qarab yoʻl oldi. Kaftdek hovli osmonini bir tup tok berkitib turuvchi bu xonadonga Asadulla surgundan qaytgan paytda kirgan edi. Ikki bolasi bilan yolgʻiz qolgan Roziyadan tez-tez xabar olib turish savob ekanini bilsa ham, xonadonda erkak yoʻqligi sababli kelmas, tanish-bilishlari orqali bu oilaning ahvolini surishtirib qoʻyishdan nariga oʻtolmas edi.

Ikki yildan beri oyoq bosmayotgan odamning toʻsatdan kirib kelishi Roziyani ajablantirdi. Asadulla supa chetiga omonat oʻtirib, hol-ahvol soʻradi. Hovli sarishta, xonadonga yoʻqchilik nafasi urmagani sezilib turibdi. «Yolgʻiz ayol boshi bilan bu qiyinchilik, bu ocharchilikda qanday yashayapti ekan? Eri shuncha yilga yetarli mablagʻ tashlab ketganmidi yo?» Bu savol Asadullaning xayoliga ikki yil burun kelgan edi. Hozir yana uygʻondi.

Asadulla hovlida uzoq qolmadi. Boshidagi roʻmolining bir uchi bilan yuzini chala-yarim toʻsib, supaning narigi chetida oʻtirgan ayolni koʻp gapga solishni oʻziga ep bilmay, oʻrnidan turib, hayrlashdi.

Bolaligidan qadrdon boʻlib qolgan tor koʻchalardan yurib, Shayxontahurga yoʻl oldi. Roziya bilan boʻlgan suhbatni dilida yana takrorladi:

«Rafiq afandidan hanuz darak yoʻqmi?»

«Yaratgandan umid qilib oʻtiribmiz».

«Dunyo oʻzarib ketdi, xat-xabar ham qilmadilarmi?»

«Yoʻq...»

«Ketgan keladi, ketmonlagan kelmaydi. Qaerda boʻlsalar ham bolalarning baxtiga sogʻ-omon yursinlar».

«Iloyim...»

Avvalgi kelganida ham shunday qisqa savol-javob boʻlib edi. Eri bedarak ketgan ayol bunchalik xotirjam javob bermaydi. Buni Asadulla oʻshanda sezgan, koʻngliga shubha oralagan edi. Bugun oʻsha shubhasi haqiqatga aylanganday boʻldi. Nazarida Rafiq Irisov shu uyda berkinib, qaysi bir tirqishdan moʻralab oʻtirganday edi. Asadulla bir narsaga hayron: Rafiq Irisov vaqtida firqa uchun xizmat etdi. Qoʻrqibmi yo boshqa sabab bilanmi sotqinlik qildi. Shunga shuncha qoʻrqib, qochib yuribdimi? Nahot kelib, bola-chaqasidan xabar olmasa? Bolalarning sogʻinchi koʻr qilmaydimi uni? Shuvalovning shubhasi Asadullaga ham oʻtib, turli-tuman xayollar girdobiga tushib borar, ammo haqiqatga moyil biror aniq fikrga kelishga ojiz edi.

Turtinchi bob - Muxtor Vazir

1

Omonulloxon dogʻda qoldi: agʻyorlar ularning rejasidan xabar topishdimi yo boshqa sabab boʻldimi, har qalay uch yoʻnalish boʻylab borayotgan qoʻshin manzilga yetib ulgurmay, Peshovor yoʻlida nogoh urush boshlandi. Kecha Kobul osmoniga qanotli maxluqlar uchib kelib, poytaxtni xokiturob qilib ketdi. Shahar ahli bundan tahlikaga tushdi. Risalpurda qirol harbiy floti mavjudligi, Kobulga «Xendli-Peyj» deb nomlangan aeroplanlar uchib kelib, bomba tashlaganini amir biladi. Fuqaro bunday moʻ’jiza, yoʻq, moʻ’jiza emas, bunday ofat borligiga bugun guvoh boʻldi.

Janggohdan koʻngilni xushlovchi darak kelmay turibdi. Sardorsalor Solih Muhammadxon sarbozlarining Ingliston lashkarlariga bas kelolmasligi aniq boʻlib qoldi. Jalolobod isyonchilari hibsga olgan, Omonulloxon marhamati tufayli ozod etilgan sobiq sardorsalor Muhammad Nodirxon esa nimaningdir payida, nimanidir poylayapti. Abdulquddusxon ozod qabilalar bilan birgalikda hujumga oʻtishi kerak. «Ular qachon bosh koʻtaradilar, qachon yovga zarba beradilar?» Omonulloxon yursa ham, tursa ham, hatto shabistoniga kirganda ham xayoli shu bilan band.

«Bobolarim inglis bilan ikki karra toʻqnashdilar. Taxt menga — amirning uchinchi oʻgʻliga nasib etdi, uchinchi muhoriba ham mening peshonamga yozilgan ekan. Yozugʻimda yana nelar bor: kunmi yo tun? Olam aro hali roʻyi siyoh boʻlmaymanmi?..»

Dilkusho saroyining ikkinchi qavatidagi serbar xonasida yolgʻiz oʻtirgan amirning xayoli uzildi: sardor Tarzi bilan mavlono Abdul Gʻanining salomga kelganlarini ma’lum qildilar. Omonulloxon ajablandi: sardor Tarzi odati boʻyicha har tong yoʻqlaydi. Mavlono Abdul Gʻani nima yumush bilan kelibdi ekan?

Xonaga kirgan Tarzi amirning ajablanganini payqab, muddaoga koʻcha qoldi:
— Amir sohib, mavlono Abdul Gʻani istigʻfor tariqidan1 kirishni istak qiib edilar, men boshlab kelishga jur’at etdim.
— Istigʻfor? — Omonulloxon battar ajablandi. — Allomai kishvarning qanday gunohlari bor ekanki istigʻfor tariqidan yuzlansalar?
— Hazrat amir sohib, — dedi Abdul Gʻani suhbatga aralashib, — mening harakatim istigʻforga loyiq, alqissa, adl eshigini kushod aylagan sizdayin saltanat hukmdorining qanotidan chiqmakni xayol qilishning oʻzi koʻrnamaklikdir. Biroq, mening bu sa’y-harakatim Afgʻoniston kamoli yoʻlida ekanini inobatga olursiz.
— Mavlono, maqsadingizni oydinroq bayon eting.
— Men Kobulni tark etib, Hindiston sari yurishni niyat qildim. Qulogʻimga yetgan daraklar Hindiston shaharlarida isyonlar koʻtarilganini ma’lum qilyapti. Panjobdagisi inglisni ancha parokanda etibdi. Temir yoʻllar buzilibdi. Bu harakatlar muhoribadagi inglis lashkarlarining tizginini tortibroq qoʻyar!

Amir Abdul Gʻaniga tikilib qoldi: bu simyon odam kichkina jussasiga bunchalik koʻp tashvish yuklamasa? Oʻzi afgʻon boʻlmagani holda Afgʻoniston tuprogʻi uchun bunchalik jon koyitmasa?
— Mavlono, harakatingiz nojoiz. Olam hodis...
— Amir sohib, javobingiz meni hayratga solarlik boʻldi. Bu onda men oʻz yurtimda, qasos bahri toʻlqin urgan yerda boʻlishim shart. Bil’aks, bu dunyodan hijrat qilsam, yuragimda ulugʻ armon qoladi.
— Hoshalloh!2 — Amir shunday deb Abdul Gʻanining ikki yelkasini ushladi. — Hoshalloh, bu gapni siz aytmang. Xiradmandga munosib emas. Biz sardor bilan fikrlashib olaylik.
— Sardor rozi.

Amir qaynotasiga savol nazari bilan, aniqrogʻi, norozilik nazari bilan qaradi.
— Amir sohib, — dedi Tarzi bosiq ohangda, — mavlono xayrli ishni niyat qilganlar.

Hamisha qaynotasining maslahatiga quloq soluvchi amirning qaysarligi tutdi. Tarzi bilan Abdul Gʻanining avvaldan ishni pishitib, soʻng huzuriga kirishlari unga malol keldi.
— Javobni keyinroq aytaman, — dedi u qoshlarini chimirib.

Avval Abdul Gʻani, soʻng Tarzi ta’zim qilib, eshik sari yurdilar. Tarzi ostonaga yetganda amir uni qaytardi.
— Sardor, — dedi u qaynotasiga tik qarab. — Hindistonga odam yubormoq zarur boʻlsa Kobulda Ingliston zulmidan ozor chekkan hijronzada muhojirlar koʻp. Mavlono Abdul Gʻanining yumushlari boʻlak. Menga bir odam aytib ediki, goʻyo ma’rifatsiz davlat nochor goʻdak misol, fuqarosi ilmdan bahramand saltanat esa mamolik1 orasinda oʻz oʻrnini topa olguvchi qudratga ega boʻlar ekan.

Tarzi bir vaqtlar aytgan gapini kuyovi ogʻzidan eshitib, kulimsiradi. Amir unga e’tibor bermay, davom etdi:
— Fuqaroga bergan va’dalarim bisyor. Bu yerdagi, — amir koʻksiga nuqdi, — umidlarim undan koʻp. Siz, sardor, yoshlarni oʻqitmak uchun Farangistonga yubormoqni orzu qilib edingiz. Men esam, amorat xizmatidan ta’lim beruvchi, oliy muallimlar yetishtiruvchi, muhandislar, qozilar ilmini beruvchi maktablarni orzu qilganman. Mavlono Abdul Gʻani shu orzularimning rahilkushi, unga tegmang. Muhoriba taqdirini arkoni harbga qoʻyib bering.

Tarzi javob oʻrniga yengil ta’zim qildi. Amir gaplarining qaynotasiga malol kelganini sezsa ham sezmaganga oldi.
— Sardor, noibi qirolning maktubi mening hamiyatimga tegib, tinchimni oldi. Unga javob yoʻllashga qasd qildim, — dedi suhbat mavzuini shartta oʻzartirib.
— Shu damda-ya? — dedi Tarzi ajablanib.
— Ha. Takallufsiz maktublarining mazmuniga tushunib yetganimizni ma’lum etib qoʻyishimiz shart. Shunday bir noma biting, — amir oʻyga toldi. Tarzi toqat bilan kutdi. — Javobimiz iltifotdan xoli boʻlmogʻi kerak. Alqissa bunday deymiz: «Siz janobning bu qadar kechikib javob yoʻllashingiz menda beqiyos hayrat oʻtini yondirmoqqa asos boʻldi va yuragimga zarracha quvonch baxsh eta olmadi. Sizning hukumatingiz mening hukumatimni mutlaq mustaqil deb tan olmogʻi lozim edi, chunki Afgʻoniston muhim jugʻrofiya holati, oʻrni va siyosiy martabasiga koʻra shunga loyiqdir. Ming afsuslar boʻlsinkim, Ingliston ila doʻstlik va ittifoq bogʻlash umidlarimiz rishtalari sizning maktubingiz tufayli butkul uzildi».

Amir soʻzini davom ettirishga qiynalib, Tarziga najot koʻzi bilan qaradi:
— Shunday desak boʻladimi?
— Ma’qul. Chelmsford bizning tavbamizni kutayotgani holda bu javobni olsa, boshini qay toshga urishni bilmay qoladi. Ofarin, amir sohib.
— Bizga xuddi shu kerak. Ingliston hukumati hech qachon bizga yaxshilik istamas ekan, bunga amin boʻldim, sardor.

2

Mahmudbek Tarzi amir huzuridan chiqib, xonasiga yoʻnaldi. U Rusiyaga yuborilgan maktublarning javobini sabrsizlik bilan kutardi. Tarzi daryoning narigi qirgʻogʻidan xushxabar kelishiga ishonar, shu bois, yuborilajak elchilar vakolasini xayolan tayin qilar edi. Muhoribadan olingan koʻngilsiz daraklar, Kobulga bomba yogʻdirilishi unda javobni kutmay, vakolani yoʻlga otlantirish fikrini uygʻotdi.

Tarzining xonasi ham yevropa usulida jihozlangan: deraza yoniga katta yozuv stoli, oʻrtaga yumshoq kursilar qoʻyilgan edi. U yozuv stoliga borib, tortmani ochdi. Rusiyaga oid barcha ma’lumotlarni shu yerda saqlaydi. Tarzi qogʻozlarni bir-bir olib, koʻz tashlay boshladi. Qogʻozlardan biridagi baytni oʻqib, oʻyladi: qachon, nimaga yozib qoʻygan ekan?

«Tanam zi bandi libosi takalluf ozod ast,

Barahnagi ba baram xil’ati xudodot ast.

Bu bayt Habibulloxonga atalmaganmidi? Ha, Habibulloxon Inglistondan pul ta’ma qilganida gʻazablanib, Mirzo Bedilning shu satrlarini eslagan edi. Eslashga eslab, amirga soʻz aytishga jur’at qilolmagandi. Ne shodki, sarpo tamaidagi amirning pushtikamari takalluf libosining bandidan ozod boʻlmoqni lozim topdi. Shukrki, koʻngli kayfi sahboni istamadi. Aks holda, Tarzi dodini kimga aytar edi? Otasi surgun qilingan zamonda yorugʻ dunyoga kelgan, musofirlik sahrosida sarsari kezgan, mardudi davron madarini begona tuproqqa qoʻygan bu aftodavash, ozodlik ilinjida dunyodan koʻz yumib ketmasmidi?..

Eshik ogʻasi kirib, Hirotdan chopar yetib kelganini bildirdi. «Rusiyadan xabar keltirdimikan? Unday desam, biz Termiz sari yuborib edik-ku? Hirotdan qanday xabar yuborishlari mumkin?» Chopar ostonada paydo boʻlgunga qadar Tarzini shu jumboqlar qamrab oldi.

Chopar shoshganmi, hatto yuvinishga ham ulgurmagan, ust-boshi chang bir ahvolda kirib keldi. Tarzi uning kirtayib, qizarib ketgan yuzlariga qarab, behad holdan toyganini sezdi.
— Noib ul-hukuma Muhammad Sarvarxon hazrat sardorga duo yoʻlladilar, — chopar shunday deb qoʻynidan muhrlangan qogʻoz chiqarib, ta’zim bilan uzatdi.

Tarzi nomani olib, shoshib koʻz yugurtirdi. Hirot noibi Tarziga sihatlik tilab, Koʻshk tomondagi hamhudud qoʻshinlar yaxshi niyat ila chopar yuborganlari, yurtni amir Habibulloxon soʻrab turgan damlarda ham shunday chopar kelgani, biroq amir sohib roʻyxush bermagani sababli ularning salomlari qabul boʻlmaganini bayon etib, endigi noma amir hazratlari tomonidan inobatga olinuviga umid bildirgan edi. Noib maktubiga Tarzi anglamaydigan harflardagi noma, soʻng pushtuda yozilgan xat ham ilova etgan edi. Tarzi bu xatni oʻqib, avvaliga hayron boʻldi: Afgʻonistondan yoʻllagan maktub haqida nechun kalima yoʻq? U maktub bitilgan muddatga qarab olgach, hammasiga tushunib yetdi: demak hamhududlar ulardan oʻn kun ilgari maktub yozishib, Afgʻonistonning mustaqilligini tan olishibdi.
— Nechun hayallab yetkazding? — dedi Tarzi norozi ohangda.
— Gunohkorman, sardor sohib, — dedi chopar bosh egib, — men kecha-kunduz betoʻxtov yoʻl bosdim. Hazrat noib aytdilarki, noma Hirotga yetgunga qadar behad uzoq yoʻl yuribdi.

Tarzi choparni bejiz ayblaganini bilib, unga ruxsat berdi.

«Darvoqe, maktubni nima sababdan uzoq yoʻl bilan yuborishibdi? Shu yoʻlni bexatar deb bilganlarmi? U holda Tirmizga yuborganimiz chakki boʻlganmi? Maktublarimiz aro yoʻlda qolib ketganmi yo?»

Tarzi shu jumboqli oʻylar bilan amir huzuriga oshiqdi.

Omonulloxon maktubni eshitib, xayolga botdi: «Xatolik boʻldi, — dedi u oʻziga-oʻzi. — Dastlab Inglistonga yuzlanganim, soʻng ulardan xushxabar umid qilganim xatolik boʻldi, koʻp xatolik boʻldi. Inglistondan muruvvat kutib, mudoxala1ga oʻzim eshik ochib berdim. Mahdud saltanatim ozodlikka chiqmas ekan, joyim saqarda boʻluvi muqarrar».

Tarzi amirning javobini toqat bilan kutdi. Nihoyat, Omonulloxon koʻzini derazadan olib, unga qadadi:
— Shaytanat taxtidan umidvorlikning gunohi mening boʻynimda, sardor.
— Amir sohib, oʻkinchingiz oʻrinsiz. Ulardan iltifot kutmay, dastlab shimolga chopar yuborgan holingizda ham mudoxala muqarrar edi. Hazrat mirzo Bobur aytmoqchi, «har kimki jafo qilsa jafo topqusidur».
— Inshoolloh. Fikri ojizimcha, Rusiya ham Afgʻonistonga ega chiqmoqlikni istaydi. Tarixda Hirot sari qoʻshin tortib, koʻp yerlarimizni bosib olganini unutsak, nodon boʻlarmiz. Ammo... bu fursatda ilojsizmiz. Tarbiyatsiz bogʻu boʻstondan samar kutmak abas boʻlganidek, yolgʻiz yurtning taraqqiyot sari yuz tutmagiga umid yoʻq edi. Endi maktubga iltifot ila javob yoʻllashimiz lozim.
— Amir sohib, endi maktubga ehtiyoj yoʻq. Turkiston jumhuriyati Rusiya nomidan gapirib, bizni ozod, mustaqil deb bilib, oʻziga teng tutibdimi, bas, saforat ishlarini betoʻxtov yoʻlga qoʻymak tadorigini boshlamogʻimiz darkor. Yoʻllagan maktubimiz eson-omon qoʻllariga yetsa, ularning-da shunday yoʻl tutmoqlariga imonim komil.
— Ma’qul. Nechoqlik simu zar zarur boʻlsa, oling. Saforatga kimlarni lozim koʻrasiz?
— Muxtor vazirlik sardor Muhammad Valixonga lozim koʻrilsa. Oʻzga yurt sardorlari bilan uningdek fikrlasha oladigan odam oramizda yoʻq. Muhammad Valixonga mavlaviy Sayfurrahmonxon, Mirza Muhammadxon Yaftali, Sulton Ahmad koʻmak beradilar. Fayiz Muhammadni maslahatchi hamda munshi etib tayin etsak. Edin afandi muxtor vazirning noibi boʻlsa.
— Kamolxonni lozim topmadingizmi? Soʻz aytishga suyagi yoʻq-ku? Saforat ishida soʻzamol boʻlish kerakdir?
— Fikringiz oʻrinli. Biroq koʻp soʻzlamoqlik saforat ishida husn emas. Bunda koʻp emas, xoʻb soʻzlamak darkor.

Amir kulimsiradi:
— Koʻp otgan mergan emas, koʻp aytgan chechan emas, deng?
— Alqissa, shunday, amir sohib. Vakolani uzatib bormoq uchun sarbozlar ham zarur.
— Risale shohining eng botir sovarlarini oling.
— Yana bir mulohazam bor edi.
— Ayting.
— Buxoroi Sharifda, Toshkentda ham saforatxona ochsak. Buxoroga Abdushukurxon, Toshkandga Muhammad Aslanxonni tayin etsak. Ular ham muxtor vazir bilan yoʻlga chiqishsa...
— Sardor, minnatdorman sizdan. Hammasini puxta oʻylab qoʻyibsiz. Farmonim shu: vakola betoʻxtov safarga otlansin.

Tarzi eshikka yoʻnalganda amir uni toʻxtatdi.
— Hozir menga bir xabar yetkardilar. Mendan norizo amlokdorlarning mulki dehqonlarga boʻlib berilsin, degan amru farmonimni faqirlar noxush qabul etibdilar. Yerlarni olmayotgan emishlar. Mening aqlim lol. Siz bu koʻrnamaklik boisini bilmaysizmi?
— Bu koʻrnamaklik emas. Buning sababi shulki, farmoni oliyingiz oʻsha damda zarur edi. Siz taxtga oʻtirar chogʻingizda va’dalar berib edingiz. Shul va’daga binoan mulklarni hadya etdingiz. Va’daga vafo qildingiz. Endi esa ular muhoribada amir magʻlubiyatga yuz tutsa, amlokdor qaytadi, deb qoʻrqadilar. Bu — birlamchi. Amlokdor qaytmagan taqdirda, ammol1 qalamidan roʻzgʻori qaro boʻladi, bu — ikkilamchi.
— Ammol qalamidan? Soliqlarni kamaytirdim-ku?
— Ahli ammol orasida nobakorlar, ahli dehqon ichida dilu jonini jaholat qoplamish nodonlar bisyor. In’omingizni qabul etmaganlariga yana bir sabab, ularda yer boru ishlov bermoqqa ot-ulov yoʻq. Ularning amlokdor hukmida qad bukkanlari afzalroq.
— Ozodlikning fahmiga bormaydilar, deng? — amir shunday deb qoʻl siltadi.
— Siz saxovatda Hotamtoydan, adolatda Noʻshiravoni odildan ortiq ish yurityapsiz. Buning fahmiga yetishlari uchun fursat darkor.
— Qancha?
— Muhoribada yengib chiqqanimizdan soʻng fuqaro qudratingizga tan berib, farmonlaringizga amal qila boshlaydi.

Tarzining: «Muhoribada yengib chiqqanimizdan soʻng», deb ishonch bilan, qat’iy aytishi amir koʻngliga taskinlik berdi.

3

Tavba! Bu odamlar sirlardan qanday voqif boʻladilar? Omonulloxonning marhum otasi, «bular devor emas, quloq», deb ta’kidlashni yoqtirar edi. Chindan ham saroy devorlari quloqqa aylanib ketgan shekilli? Yoʻqsa, Qodir ogʻa hazrat Rusiyaga muxtor vazir tayin etilganidan qanday ogoh boʻldi? Hazrat ogʻzidan: «Oʻrusiyaga safir yuborayotgan emishsiz?» — degan gapni eshitib, amir avval lol qoldi. Keyin achchiqlandi. Hazratni siltab tashlagisi keldi-yu oʻzini tutdi.
— Inglistondan marhamat kut, deb edingiz, kutdim.
— Muhoribaga kirishmaslik lozim edi.
— Urushni kim boshladi? Bu bandasiga ham, Yaratganga ham ma’lum-ku, nahot siz bilmasangiz?
— Uzunquloq gaplarga inonavermayman.
— Amirning gapiga-chi?

Omonulloxon, «amirning gapi», deb chertib-chertib aytdi. Hazrat bu ta’kid boisini anglab, rangi quv oʻzgardi, ammo sir boy bermadi.
— Siz Oʻrusiyaning vafo qilishiga aminmisiz?
— Siz-chi, hazrat?
— Amin emasman.
— Sabab?
— Gʻayridinga ishonu qoʻyningda xanjaring boʻlsin.
— Inglis-chi? U ham gʻayridin-ku?
— Inglis sinalgan doʻst edi, Xudo xohlasa, gunohlarimizdan kechib, yana doʻst boʻlib qoladi. Oʻrusiyaning vafosini esa sinab koʻrmoq kerak.
— Sinab koʻrmoq? — amirga bu taklif qiziq tuyuldi. — Qani, ayting-chi?
— Oʻrusiyaning vafosini sinash bahonasida Afgʻoniston yerlarini birmuncha kengaytirishingiz ham mumkin, — Qodir ogʻa hazrat ayyorona jilmaydi. — Siz ulardan daryoning u qirgʻogʻini, xususan, Koʻshk, Karki, Tirmiz qal’alarini berishni soʻrab koʻring. Qal’alar qoʻlga kirsa, Buxoro payi qirqiladi, undan Turkistonga qoʻl uzatsa yetgulik, Jannatmakon padaringiz amir Habibulloxon orzulari sizga madad boʻlgay. Soʻraganlaringizni olsangiz, Ingliston gunohimizdan oʻtib, yana marhamat sandigʻini keng ochib beradi.
— Gaplaringiz mushohadaga arziydi, hazrat. Ammo gunohlarimiz xususida ikki karra eslatdingiz, bu chakki. Bizning Ingliston oldida gunohimiz yoʻqdir, bil’aks ular gunohkordurlar. Fikri ojizimcha, padarimning oʻlimiga ular fatvo berganlar.
— Alhazar! — hazrat titroq qoʻllarini baland koʻtardi. — Alhazar! Bunday demakning oʻzi gunoh. Ingliston jannatmakon padaringizga zoʻr iltifotlar koʻrgazar edi, hazrat amir ham ularga sodiq edi.

Omonulloxon uning harakatlariga qarab turib, «ajab, bular inglisni buncha xushlamasa, tobelikni buncha qadrlamasa, gulistondan kechib, sayri mazoratni bunchalik istamasa...» deb oʻyladi. U tepaga qayrilgan gajak moʻylabini burab, hazratga yaqinlashdi.
— Hazrat, duo qiling, sizning duolaringiz ijobat boʻlgusi: Olloh gunohlarimizdan kechib, gʻalabaga yetkazsin, shahidlar jonini dargohida qabul etib, jannatdan joy ato qilsin, omin!

Hazrat noiloj fotihaga qoʻl ochib, uzoq duo qildi. «Ayyor bu bola, juda ayyor», deb oʻyladi u chiqib ketar chogʻida.

Qarashlari muloyim, boʻy-basti kelishgan, kalta moʻylabli Muhammad Valixon amir uzatgan maktubni olib koʻz yugurtirdi: «Bu zamonda baxtdan darak beruvchi taraqqiyot nuri xalqlarni birlashuvga, birodarlik aloqalari oʻrnatuvga chorlayotgan damlarda, doʻstlik iplari avval hamhududlarni, soʻng boʻlak elatlarni bir-biriga bogʻlamogʻi lozim. Afsuslar boʻlsinkim, uzoq vaqt mobaynida Buyuk Afgʻoniston Ingliston nayranglari tufayli ozodlik va mustaqillik nuridan bebahra qolib, eng yaxshi, eng saxovatli qoʻshnilaridan hazor-hazor chaqirim nariga surib qoʻyildi. Endi afgʻon xalqi bu nayranglarga barham berib, qaddini rostladi va shavkatli hamhudud mamlakatga safir yoʻllaydi. Sardor Muhammad Valixon bizning muxtor vazirimiz sifatida sizlar bilan muzokara yuritib, har ikki davlat oʻrtasidagi chin, mustahkam doʻstlik qasriga poydevor tayyorlaydi...»

Muhammad Valixon maktubdan nigohini uzib, amirga qulluq qildi.
— Bagʻoyat dono soʻzlar bitilibdi, — dedi u.
— Siz, avvalo, Shoʻravi Rusiyaga, soʻng Ovrupodagi barcha mamolik hukumatlariga Buyuk Afgʻonistonning mustaqil ekanini ma’lum eting. Shoʻravi Rusiya hukumatidan esa iltimos qiling: Ovrupodagi boʻlak mamolik ila tijorat aloqalari oʻrnatgan taqdirimizda mollarni xiroj-bojsiz Rusiya yeridan olib oʻtuvimizga izn bersinlar. Yana aytingki, urush tufayli bizlarimizdan tortib olishgan daryoning ul qirgʻogʻidagi yerlarni qaytarib bersinlar.
— Amir sohib, — dedi Tarzi, bu gapdan hayratga tushib, — asti bunday demaylik. Hozirgi ahvolimiz bunday iltimoslarga imkon bermaydi.
— Hechqisi yoʻq, — amir Tarzining gapiga pinagini buzmadi, — biz bu bilan ularning... — amir «vafosini» demoqchi boʻldi-yu, joiz emasligini fahmlab, boshqacha aytdi: — maqsadini bilib olamiz.

Tarzi bu gapni eshitib, ichidan zil ketdi-yu, bosh chayqab qoʻydi.

Ikkinchi qism - Diydor Yoʻli

Birinchi bob - Hisobli Dunyo

1

Asadulla ish bilan ovora boʻlib asta-sekin ovuna boshladi. Oʻz gʻamiga yemirilib oʻtiradigan zamon emasdi. Turkiston Markaziy Ijroqoʻmi uning Afgʻoniston safaridan ozod qilishni soʻrab yozgan iltimosnomasini rad etdi. Barcha nomzodlarni Moskva tasdiqlagan, ularning nazarida qarorni oʻzgartirishga «arzirli asos» yoʻq edi. Asadulla ilgari «elchilikni eplay olarmikanman», deb oʻylagan boʻlsa, endi «sihatim dosh berarmikin», degan xavotirga tushgan edi.

Afgʻonistondan kelayotgan elchilarni kutib olishda shaxsan ishtirok qilajagini bilib, safarga joʻnash masalasi uzil-kesil hal etilganini angladi.

Afgʻoniston elchisi sardor Muhammad Valixon va uning a’yonlari kutilganday kunduzi emas, oqshomda yetib kelishdi. Temir yoʻl bekatida qoʻshkarnay, qoʻshsurnay, qoʻshnogʻora as’asayu dabdabani boshlab berdi. Muhammad Valixon vagondan tushishi bilan Tashqi ishlar xalq noziri, Xmarin va Asadulla Mir’alam unga peshvoz yurdilar.
— Ozod Turkiston jumhuriyatining poytaxtida ozod Afgʻoniston amirining elchisini Shoʻro hukumati nomidan muborakbod etaman.

Xmarin nozirning soʻzlarini forsiyga oʻgirdi. Bunga javoban Muhammad Valixon yengil ta’zim qildi.
— Bir daryo suvini ichsak-da, bir quyoshdan nur emsak-da, — dedi u, — oramiz uzoq edi, nainki uzoq, oramizda Ingliston tiklab qoʻygan Iskandar devori mavjud edi. Bul devorning yiqiluvi har ikkimizga ham qutlugʻ boʻlsin.
— Safaringizning bexatar oʻtgani rost boʻlsin, ziyoratlaringiz qabul boʻlsin, — dedi Asadulla suhbatga qoʻshilib.

Elchi forsiyda gapirgan choʻqqisoqol, qotmadan kelgan, istarasi issiq bu odamga qarab:
— Olloh ziyoda qilsin, — dedi-da, yuziga fotiha tortdi.

Nozir Xmarin bilan Asadullani unga tanishtirdi.
— Yorugʻ dunyoda ikki yurtni doʻstlashuviga xizmat qilishdan savobroq ish yoʻq, — dedi elchi Asadullaning qoʻlini siqib. — Shu savob bizga nasib etgan ekan, hazor-hazor shukr.

Muhammad Valixonning hamrohlari behad koʻp edi. Xizmatchilar, sovarlar alohida toʻp boʻlishdi. Elchi nozirni saforat ishlari bilan shugʻullanuvchi a’yonlari bilan bir-bir tanishtirdi. Zar choponlilar orasida sersoqol bir odam Asadullaning diqqatini tortdi.
— Said Gʻafforbek, — dedi elchi, tanishtirish navbati unga yetganda, — Buxoro amiri Said Olimxon hazrati oliylarining iltifotlari ila saforat ishlariga koʻmak bermoqqa chorlanganlar.

Said Gʻafforbek nozir, soʻng Xmarin bilan jilmayib koʻrishdi. Navbat Asadullaga kelganda esa koʻzlarini undan olib qochdi. Asadulla uning qoʻlini olib, darrov qoʻyib yubormadi.
— Azaldan birodarsizlar shekilli? — dedi Muhammad Valixon Asadullaning harakatidan ajablanib.
— Yoʻq, yoʻq, bir birodarimga oʻxshatdim. Rafiq Iris oʻgʻli degan qadrdonim boʻlar edi. Xudo uni bizga koʻp koʻrdi.
— Olloh rahmat qilsin birodaringizni, — dedi Said Gʻafforbek, yuziga fotiha tortib.

Mehmonlar shaharga yoʻl olishganda Asadulla Shuvalovga yaqinlashdi.
— Sersoqolga e’tibor qiling, Irisovning xuddi oʻzi.
— Elchilar orasida nima qilib yuribdi?
— Buxoro amiri qoʻshgan emish.
— Buxoro amiri?... Yaxshi, Mira’lamovich, sen sir boy berma. Buyogʻini oʻzimiz kuzatamiz.

Kechqurun sobiq general-gubernatorning bogʻida ziyofat berildi. «Sen je, men je, qolganini tomga tashla», deydigan zamon emasdi. Shu bois dasturxon kamtarona bezaldi. Buxoro amiri saroyida toʻkinlik guvohi boʻlgan afgʻonlar bu yerda bundayin kamtarinlikni koʻrib, ajablanishdi. Mezbonlar esa izoh berishni lozim topishmadi.

Asadulla Said Gʻafforbekdan nariroqda oʻtirdi. Ammo koʻz qurgʻur nuqul shu odam tomonga tortadi — beixtiyor qarab-qarab qoʻyadi. Said Gʻafforbek uning qarashlarini sezar, illo sezsa-da, sezmaganlikka yoʻyib, pinagini buzmaslikka tirishadi.

Libosiyu turqi tarovatini oʻzgartirgan Rafiq Irisov — Said Gʻafforbekni qaysi balo yoʻldan urgan, uning qaysi yerlarda qanday hunar koʻrsatgani Asadulla uchun qorongʻi. Hozir u bir narsaga aniq ishondi — Buxoro amirining ishonchiga kiribdimi, demak, katta xiyonatlar koʻchasidan oʻtib borgan. Mayda xoinligu chaqimchilik bilan amir qarorgohiga kirib boʻlmaydi. Xoʻsh, endigi vazifasi nima uning? Asadullani shu jumboqlar oʻrtaydi. Shuvalov-ku, uni nazaridan qochirmas, ammo u ham anoyimasdir. Pinak buzmay oʻtirganiga qaraganda, uncha-buncha hiylagarga dars berishi mumkin. Ilgari ham shunaqamidi yo keyinroq oʻzgardimi?

Irisov yoshligiga qaramay, koʻpni koʻrgan, koʻzi pishgan edi. Ming toʻqqiz yuz beshinchi yildagi gʻalayonlar davrida naq Peterburgda boʻlgan ekan. Uning hikoyalaridan Asadulla lol qolardi. «Kayfu safoni tashlab, vafosiz dunyoda mehru vafoni boshlamoq vaqti yetdi», degan edi u. «Faqir shodlikni naylaydi, bir kunlik vafosi boʻlmasa. Vafoli shodliqgʻa erishmoq uchun esa kurashmoq, hokimiyat egasi boʻlmoq kerak». Asadula bu gaplarni unutgani yoʻq. Rafiq Irisovga nisbatan koʻngliga shubha oralaganda shu soʻzlarni eslardi. Shunday dono, haq gapni aytgan odamning xoin boʻlishi mumkin emas, deb hisoblardi. Hozir ham shuni eslab, balki bu odam Rafiq afandi emasdir, degan gap xayolini bir yoritib oʻtdi.

Asadulla qorongʻilikda gangib qoldi. Goʻyo tun bogʻni emas, uning vujudini bosgan edi. U yoʻllariga churuk turmushning qanday goʻrlar hozirlaganidan bexabar edi.

Asadulla ham, Shuvalov ham Said Gʻafforbekka qarab, bu nusxa Buxoro amiri ishonchini qanday qozondi ekan, amir nima uchun afgʻonlarga lutf qilib uni qoʻshdi ekan, deb bosh qotirardilar. Ular Xaustonning Buxoroga qoʻnoq boʻlgani, amir bilan uzoq suhbatlashganidan bexabarlar. Buxoroga boraturib Kattaqoʻrgʻondan Rafiq Irisovni yoniga olganini ham bilmaydilar.

2

Gʻulomqodir Termizda javob kutaverib yuragi toʻlib-toshib ketdi. U to hanuz bu qadar bekorchilikka bandi boʻlmagan edi. Kunda qal’aga boradi, xabar oladi. Avval: «Odamlar Toshkentga yetib borishmabdi, oʻzimiz ham xavotirdamiz», deyishdi. Keyin: «Amir hazratning maktubi Toshkentga yetkazilib, Moskvaga uzatilibdi, endi javobini kuting», deyishdi. «Maktub egasiga tegibdi, bugun-erta javobini ham yetkazishar», deb yurdi. Kun oʻtaverdi. Ingliston bilan boshlanib ketgan urushdan bu yerga chala-yarim xabarlar kelib turardi. Ana shu uzuq-yuluq daraklar uning koʻnglini battar ezar edi. Gʻulomqodir Eron sarhadi, Hazar bahridan oʻtgan inglislarning ahvoli birmuncha tang ekani haqida ham xabarlar eshitardi. Eshitardiyu ich-ichidan zil ketardi. Loaqal bittagina inglisning koʻksiga dudamasini sanchganda edi, koʻnglidan armoni chiqarmidi...

Mana shu armonlar tutunida boʻgʻilib yurganida daryoning u betidan chopar oʻtib, muxtor vazir Mazori Sharifdan yoʻlga chiqqanini ma’lum qildi. Keyin Termizga Muhammad Valixon kirib keldi. Gʻulomqodir oʻsha kuniyoq unga roʻbaroʻ boʻlib, vazifasini ado etganini, endi iziga qaytish ilinjida ekanini ma’lum qildi.

Sardor, koʻrinishi muloyim boʻlgani bilan, gapni shart kesdi:
— Seni saforat ishlariga lozim koʻrgan ekanlarmi, demak, biz bilan yoʻlga otlan. Muhoriba sensiz ham sharafli nihoyasiga yetgusi. Bizning safarimiz esa uzoq, ham xatarli.

Gʻulomqodir yana dardini ichiga yutdi. Paroxod degan ajoyibotda Chorjoʻyga suzib bordilar. Undan Buxoroi Sharifga oʻtdilar. Buxoroning shuhrati qulogʻiga chalingan edi, shaharning oʻzini koʻrdi-yu, koʻngli taskin topmadi. Chunki uning tasavvuridagi Buxoro faqat tilla minoralardan iborat moʻ’jiza shahar edi. Koʻcha-koʻyda faqirlar, saroy atrofida esa zar toʻn kiygan odamlarni koʻrib, «bizdan hech bir farqi yoʻq ekanda», deb qoʻydi.

Soʻng siltab-siltab oʻrnida qoʻzgʻaluvchi poezd degan gʻaroyibotga oʻtirib Samarqandga, undan Toshkentga yetishdi.

Toshkent Buxorodan salqinroq, yerning umurtqasini sindirib yuboradigan katta imoratlari kam, koʻchalari ancha batartib shahar edi. Gʻulomqodir bu yerda ham toʻkinlikni koʻrmadi. Ayniqsa bogʻdagi ziyofat uni lol qoldirdi. «Ahvollari shu boʻlsa, amir sohib ulardan nima umid qilyapti», deb oʻyladi. Ahvoli olamdan bexabar, faqat miltiq otishu qilich chopishga chapdast bu yigitning ajablanishi tabiiy edi. Faqat u emas, vakolani kuzatib kelayotgan oʻzga sovaru sarbozlar ham shu fikrda edilar Serdaraxt hovli tashqarisiga faqat muxtor vaziru bir necha a’yonlar chiqib turishar, shahardan esa kam odam tashrif buyurar edi. Gʻulomqodir bu yerga tez-tez kelib turuvchi choʻqqisoqol, kichik jussali odamni yaxshi tanib qolgan. Gʻulomqodir uni shu yerning sardorlaridan deb bilib, roʻpara kelganda ta’zim bilan salom berganda u gerdayib oʻtmay, oʻshanday ta’zim bilan alik oldi. Gʻulomqodir sardorlar orasida bundayini uchratmagan edi. Uning ziyrk koʻzi yana bir narsani kuzatdi: Buxorodan qoʻshilgan sardor shu hovliga qoʻnishgandan beri shaharga chiqmadi.

Said Gʻafforbekning shaharga chiqishdan oʻzini tiyishini Muhammad Valixon ham sezdi. Turkiston jumhuriyatining elchisi deb tayin etilgan Asadulla Mira’lam tashrif buyurganda a’yonlar suhbatidan oʻzini tortishi esa uni shubhalantirdi.

Muxtor vazir Buxoro amiriga Afgʻoniston amirining nomasini yetkazib, Buxoroda Afgʻoniston saforatxonasini ochib, Toshkentga yoʻl olaman deganda, Said Olimxon marhamat koʻrsatdi: Oʻrusiya yerlarini, urf-odatlari, shuningdek, lisonini ham durust biluvchi a’yonlaridan birini vakola birlan joʻnatajagini ma’lum qildi. Muhammad Valixon bundan norizo boʻlsa-da, amir marhamatini qaytara olmas edi.

Bugun Turkiston jumhuriyati nozirlari huzurida boʻlganda unga noxush gaplar aytishdi: Moskva yoʻli agʻyorlar tomonidan band etilgani sababli ularning safarlari Toshkandda vaqtincha barham topar emish. Agʻyorlar mahv etilib, temir yoʻl ochilgach, ularning Moskva tomon boruvlari mumkin emish. Toshkandda qancha fursat ipsiz bogʻlanishlarini na nozirlar, na-da muxtor vazir bilardi.

Jumhuriyat nozirlari Afgʻonistonga harbiy yordam berilajagini ma’lum qilishgach, muxtor vazirning koʻngil gʻashligi bir oz tarqaldi. Toshkanddan Kobul sari elchilar vakolasi joʻnashga hozir ekanini bilib, koʻngli taskin topdi.

Saforat ahli Toshkandda noma’lum fursat qolajagi tufayli xizmatchilardan va sovaralardan bir nechasini ortga qaytaruvga qaror qildi. Toshkanddagi saforatxonaga yetarli sovarlar a xizmatchilardan tashqari barcha odamlar Mirza Qandilxon boshchiligida Kobulga qaytish amrini oldilar. Muxtor vazir shu bahonada Said Gʻafforbekka ham ruxsat bergan edi, u darhol koʻnaqoldi. «Vakola bahonasida Kobulni ziyorat qilib, umrlari uzun boʻlgur hazrat amir Omonulloxon xizmatiga yuz tutajagini», bildirdi.

Shunday qilib, hijriy hisobning 1337 yili javzosida, milodiy hisobning 1919 yil 15 iyunida shoʻrolarning birinchi elchilar vakolasi hay’ati qizil askarlar, afgʻon a’yonlari, sovarlari kuzatuvida Kobulga qarab yoʻl tutdi.

3

Taqdir beshafqat boʻlsa, u bilan kelishishga urinib koʻr, deydilar. Poezd oʻrnidan jilganida Asadulla Ushinskiyga hamxona boʻlishini bildi-yu, Afgʻonistonga borib-kelgunga qadar taqdir bilan kelishuvdan oʻzga chorasi yoʻqligini fahmladi.

Kupeda yolgʻiz qolishgach, anchagacha bir-birlariga qarab indamay oʻtirishdi. Ikkovi ham deraza osha tashqariga tikilar, ikkovi ham oʻz fikrlariga bandi edi.

Sukutni birinchi boʻlib Ushinsiy buzdi:
— Xoʻsh, oʻrtoq Mira’lamov, Afgʻonistonga borib kelguncha shunday gung-soqov boʻlib oʻtiramizmi?
— Gapingiz boʻlsa gapiring, — dedi Asadulla noxush ohangda.

Uning koʻngil noxushligiga sabab faqat Ushinskiyga hamxona boʻlishi ems. Uyini maktab ixtiyoriga topshirib, Mirobodni tashlab chiqar mahalida koʻkragidan bir nima uzilib qolganday boʻldi. Nazarida bu tuproq koʻchani, devorlarga yelka tirab oʻsgan jiydalarni, olchalarni... boshqa koʻrmaydiganday edi. Uning xotini, bolalarisiz huvillagan uy, koʻcha, mahalla endi butunlay yetim boʻlib, boʻzlab qolayotganday edi.

U sogʻinch qirgʻoqlarida sarsari kezmoq uchun yoʻlga chiqdi. Hali duch kelgan qaygʻularini, quvonchli chogʻlarini, puchga chiqqan tilaklarini, aytilmagan soʻzlarini eslaydi. Bedork qolgan koʻzlarni qoʻmsaydi. Bu qadrdon koʻchasiga, bolalarining kindik qoni toʻkilgan uyga qachon qaytadi, mungli uyi qachon qayta jonlanadi? Hayot uni bahor moʻ’jizasi-la qarshilarmikin hech, yo hazonrezgi tomon ayovsiz surib ketaverarmikin? Chigallashib ketgan hayot ipi qachon, qaerda uzilarkin? Tun qachon, qaerda erib, qachon, qaerda umidi tongi otarkin?.. Asadulla shu dard bilan mahallani tashlab chiqdi. Shu dard bilan bekatga keldi. Dardini sirtiga chiqarmay, yaqinlari bilan xayrlashdi.

Mana endi kupeda bu dard huruj boshlagan. Uni yengillatay desa, roʻparasidagi odam dardkash emas. Shuvalov boʻlganda boshqa gap edi. Aksiga olib u Kogonga ketgan. Vakolani oʻsha yerda kutib oladi. Asadulla oʻz yogʻiga oʻzi qovuriladi. Ushinskiy esa uning noxushligini boshqa narsaga yoʻyadi.
— Oʻrtoq Mira’alamov, mening nomzodimga qarshi chiqqan ekansiz, eshitdim, lekin bundan xafa emasman. Men boshqa narsadan ranjidim. Nahot mening tanqidiy gaplarimni koʻngilda saqlab yurgan boʻlsangiz, axir haqiqat bahslarda yuzaga chiqadi. Men orqangizdan gʻiybat qilmay, fikrimni koʻpchilik orasida aytganimdan begʻaraz ekanimni bilishingiz kerak edi. Unda boshqa-boshqa yoʻlda edik. Endi bir firqadamiz...
— Veniamin Samoylovich, men bir gap uchun gina saqlab yuradigan yoshda emasman. Buni siz ham bilib oling. Bir firqada boʻlganimiz bilan maslaqdosh ekanligimizga ishonchim yoʻq, buni ham bilib oling.
— Eserlar safida boʻlganimga shama qilyapsizmi? Qiziq... Pershinga ham shunday deganmidingiz?
— Pershinni holi qoʻying. Umuman, unga oʻzingizni tenglashtirmang. Pershin qoya edi. Men ham, siz ham Pershinday inqilobchi boʻla olsak, bu dunyodan armonsiz keta olardik.
— Shunaqa deng... — Ushinskiy pensnesini koʻzidan olib, koʻkrak choʻntagiga soldi. — Biz Pershin bilan uzoq vaqt yelkama-elka turganmiz. Darvoqe, — Ushinskiy istehzo bilan jilmaydi, — buni bilmasangiz kerak, unda siz jadidlar bilan boʻlgansiz...
— Veniamin Samoylovich, toʻgʻrisini ayting, «jadid» nim degani, bilasizmi?
— Bilaman: aksilinqilobiy tashkilot.
— Jadidlarning bir guruhi «Shoʻroi islomiya», «Ulamo»ga qoʻshilgani uchun shunday deyapsiz. E’tiboringiz uchun «jadid» — «yangi» degani. Oʻqish-oʻqitish ishlarini yangi usulga koʻchirish ularning maqsadlari edi. Maorif yoʻli bilan zulmga, nohaqlikka barham beriladi, deb ishonishgan. Men esam hurriyatga faqat maorif yoʻli bilan erishib boʻlmasligini anglab, kurash yoʻliga oʻtdim, ulardan uzoqlashdim. Jadidlarning qay birlari haq, qay birlari nohaq ekanini kelajak koʻrsatadi. Shuning uchun oʻtmishni yuzimga solishingiz oʻrinsiz.
— Bu gapni oʻzingiz boshladingiz.
— Oʻylab koʻring-chi, kim boshladi ekan?

Ushinskiy Asadullaga tikilib, mugʻambirlik bilan kulimsiradi.
— Yaxshi, meni kechiring, — dedi u qoʻl uzatib, — tinchlik sulhini imzoladik, desam boʻlar?

Asadulla istar-istamas uning qoʻlini olib, «ha», deb qoʻydi.
— Elchimizning kotibalarini koʻrdingizmi, juda huriliqo-yu, a? — dedi Ushinskiy, oradagi noxushlik yoʻqolganidan xursand boʻlib. — Nima uchun bu parini qoʻshdi, bilmaysizmi?
— Bilmayman, diplomatiya qonun-qoidasi shunaqa boʻlsa kerak.

Ushinskiy: «Asadulla toʻgʻri javobdan boʻyin tovlab atayin shunday deyapti», deb oʻyladi. Holbuki Asadullaning oʻzi ham bu xonimni koʻrganida hayron boʻlib edi. Xizmatchilar, kuzatib boruvchi qizil askarlar nomzodi Tashqi ishlar xalq nozirligida koʻrilgan, bundan Asadullaning xabari yoʻq edi. Nozirlik mahkamasida ishlovchi bu ayolning Xmaringa tanish ekani, vakolaga Xmarin istagi, iltimosi bilan qoʻshilganini u keyinroq bildi.
— Unda siz nimaga olmadingiz, axir siz Turkiston respublikasining elchisisiz-ku? — dedi Ushinskiy uning javobidan qanoatlanmay.
— Veniamin Samoylovich, bunaqa ikir-chikirlarga aralashmaylik. Bizning vazifamiz boʻlak.
— Yoʻq, azizim, vakola hay’atini biz boshqarishimiz kerak. Safar natijasiga elchi emas, biz — bolsheviklar javob beramiz. Xmarin partiyasiz. Unga toʻla ishonib boʻlmaydi. Siz, men, oʻrtoq Shuvalov — har bir ikir-chikirga javobgarmiz. Aytmoqchi, harbiy attashemiz koʻrinmadilar?
— Bilmadim. — Shu qisqa javob bilan Asadulla suhbatga toqati yoʻq ekanini bildirdi.

Poezd Sirdaryodan oʻtganda atrofni qorongʻilik chulgʻay boshlagan edi. Asadullaning nazarida ular tun qa’riga uchishardi. Zim-ziyo tun koʻp oʻtmay ularni bagʻriga oladi.

Ushinskiy hadeb gapiravergani uchunmi, Asadulla koʻpchilik yodga olayotgan oʻsha mojaroni esladi.

Oʻshanda Asadulla majlisda emas, choʻgʻ ustida oʻtirganday betoqat edi. Bu yerga kelaturib Shuvalovdan ham hayratlantiruvchi, ham gʻazablantiruvchi bir xabarni eshitib, boshiga choʻqmor urilganday gangib qolgan edi. U aksilinqilobchilardan hamma mal’unliklarni kutishi mumkin edi. Lekin yurtni sotishlari yetti uxlab tushiga kirgan emasdi: oʻzini TVO deb yurituvchi Turkiston harbiy tashkiloti Turkistonni yigirma besh yil muddatga Angliyaga sotibdi! Odam aqldan ozsa mol-mulkini, hatto xotinini, boringki eng ashaddiylari onasini sotishi mumkindir. Lekin yurtni sotish, Vatanni sotish!?

Shu xabardan dunyo koʻziga tor koʻrinayotgan Asadulla munozaraga aralashmay oʻtirgan edi.

Majlis boshlanishida keskin munozara ham kutilmagan edi. Chunki unda aytarli bahs talab etmaydigan masala — mahalliy aholi orasida maorif ishlarini yoʻlga qoʻyish, Munavvar qori tashabbusi ila aprelda ish boshlagan Turkiston xalq dorilfununiga yordam berish masalasi oʻrtaga qoʻyilgan edi. Lekin kutilmaganda goʻyo toʻgʻon oʻpirildi-yu, yigʻilib qolgan suv oʻzanni boshqa tomonga burdi.

Turkiston Oʻlka Shoʻrolarining III qurultoyida mahalliy aholida ishchilar sinfi tashkilotlari yoʻq, degan bahonada hokimiyatga bironga oʻzbek kiritilmagan edi. Majlisda bu katta xato ekani aytildi-yu, eserlarning jon tomiriga bolta urildi. Chunki III qurultoyda eserlar ta’siri kuchli boʻlgan edi. Maorif ishi uyoqda qolib, mahalliy aholiga ishonish kerakmi yo yoʻqmi degan masala yana koʻndalang boʻlib qoldi.

Asadulla bilan Ushinskiyning toʻqnashuvi shunda boshlangan edi.

Eserlarning janjalkash vakili sifatida tanilgan Ushinskiy munozaralarning oxirrogʻida gapirishni xush koʻrardi. U moʻljalni aniq olardi: boshqalarning fikridan ogoh boʻlib, shiddatli zarbaga tayyorlanardi. Bu gal ham odatini kanda qilmadi. Bahs yakunlanay deganda oʻtirgan yerida:
— Siz dekabr voqealarini unutib qoʻyyapsiz! — dedi baqirib. Majlis ahli tinchigach, viqor bilan oʻrnidan turdi. U shu gapi bilanoq bolsheviklar fraktsiyasini magʻlub etganday roʻparasidagi odamlarga gʻolibona qarab qoʻydi.
— Muhammad paygʻambarning tugʻilgan kunini nishonlaydigan toʻda eski shahardan yurishni boshlab nima qildi? — dedi u yana roʻparasidagi odamlarga murojaat qilib. Soʻng javob kutmay gapini davom ettirdi: — Yangi shaharga keldi. Keyin turmani oʻrab oldi. Ishgʻol ham qildi. Xoʻsh, keyin-chi? Keyin sovet hokimiyati dushmanlarini chiqarib yubordi. Ana endi, muhtaram bolshevik oʻrtoqlar, menga javob bering: bu yil Muhammad paygʻambar tugʻilgan kuni nishonlanmaydimi? Endi ular Turkiston Markaziy Ijroqoʻmiga yurish qilib, komissarlarni turmaga tiqmaydi, deb siz kafolat berasizmi, oʻrtoq rais? Meni kechiring-u, — Ushinskiy istehzo bilan kuldi, — men kafolat bera olmayman. Turmada oʻtirishga toqatim yoʻq. Men bir narsaga kafolat bera olishim mumkin: ularning TVO tarafida turib, bizga qarshi kurashishlari aniq!

Notiqning gaplari quruq safsataga aylanganidan gʻala-gʻovur kuchaydi. Ushinskiy esa bunga parvo qilmay ovozini balandlatdi:
— Ana, oʻrtoq Asadulla Mira’lam nima deya oladilar? Keyingi qurultoyda bu oʻrtoq rahbar organlarga mahalliy millat vakili sifatida saylandilar. Men bu oʻrtoqning inqilob ishiga sadoqatlari boriga, afsus, ishona olmayman.
— Oʻrtoqlarning shaxsiyatiga tegmasligingizni talab qilaman!
— Oʻrtoq rais, iltimos, gapimni boʻlmang. Biz hozir printsipial masalani hal qilyapmiz. Men aytgan har bir gapim uchun javob berishga tayyorman. Demak, oʻrtoq Mir’alamga ishonchim yoʻq, dedim. Endi oʻrtoq Mira’lamga savolim bor: yanglishmasam, siz oʻtgan yili, «Shoʻroi islomiya»ning gazetasida ishlardingiz, shundaymi? Aniqrogʻi, muharrir edingiz?

Asadulla oʻrnidan turdi. Majlis ahli jim boʻlib, unga oʻgirildi. «Eserning niyati ma’lum, qani, oxirigacha eshitay-chi?» — degan oʻyda javob berdi:
— Ha, muharrir edim.
— Ular sizdan xafa boʻlishganda tavba qilgan-siz-a?
— Ha, tavba qilganman.
— Boʻldi, rahmat, shuning oʻzi yetarli. Ana, oʻrtoqlar, shu odamga qanday ishonish mumkin? Bu odamning men bilan birga boʻlishiga sira ishonchim yoʻq.

Xonada yana gʻala-gʻovur kuchaydi.
— Oʻrtoq Ushinskiyga mening ham savolim bor, — dedi Asadulla. Uning jussasi kichik boʻlgani bilan ovozi jarangli edi. Soʻzlarni dona-dona qilib, chertib-chertib gapirishi diqqatni tez jalb qilar edi. Hozir ham shunday boʻldi: hamma jimib, unga tikildi.
— Mening «Shoʻroi islomiya» xizmatida boʻlganim sababini nahot bilmasangiz? — dedi Asadulla, Ushinskiyga tikilib.
— Bu sizning shaxsiy ishingiz. Gʻoyangiz shunga yoʻl qoʻyar ekan... — Ushinskiy shunday deb undan koʻzini olib qochdi.
— Ha, men oʻz gʻoyamni amalga oshirishda «Shoʻroi islomiya»dan ham, «Ulamo»dan ham foydalandim. Men ularning gazitini oʻzlariga qarshi kurashda qurol qildim. Oʻrtoq Mirmuhsinning «Ikki tarixiy voqea» degan maqolasi aynan shu gazitda bosilishi kerak edi. Biz ayrim din peshvolarining razilligini oʻz gazitida fosh etdik. Maqolaning birinchi yarmi uchun tavba qildim, toʻgʻri. Chunki maqolaning asosiy — ikkinchi qismini ham xalqqa yetkazishim lozim edi. Oʻrtoq Ushinskiyga hayronman, mening tavbamni unutmabdilaru Mirmuhsinning sazoyi qilingani, mening esa «Ulamo» tomonidan oʻlimga hukm qilinganimni eslaridan chiqaribdilar-da, a? Agar biz bu yerda «men sadoqatliroqman, u esa ishonchsiz», deb safsata sotsak...
— Oʻrtoq Mira’alam, oʻylab gapiring... — Ushinskiyning endigi gapida avvalgi shijoat qolmagan edi.
— Ha, safsata sotsak, — Asadulla Ushinskiyning holini sezib, qat’iylik bilan ta’kidladi, — podachi koʻpayib, qoʻylar harom oʻlishi tayin. Oʻrtoq Ushinskiy: «Bu odamning men bilan boʻlishig ishonmayman», dedi. Toʻgʻri gap bu oʻrtoqlar. Men Ushinskiy bilan birga boʻlmayman. Hatto uni «oʻrtoq» deyishga tilim bormaydi.

Ushinskiy jahldan boʻzarib, bir oz turdi-da, keyin shartta oʻtirib oldi.

Majlis ahli garchi Asadullani ayblamagan boʻlsa-da, uning koʻngli gʻashlandi. Aslida-ku Ushinskiyning gaplariga e’tibor qilish kerak emas. Kadetlarga yuvindixoʻr boʻlgan bu balodan har narsani kutish mumkin. Ertaga anarxistlarga, indinga mensheviklarga qoʻshilibdi, deyilsa, hech ajablanmaslik kerak. Asadulla bunga oʻtgan yiliyoq amin boʻlgan. Shunga qaramay, uning gaplari malol keldi.

Kuzdagi jang kunlari, Tuproqqoʻrgʻon atrofida jon olib jon berilayotganda: «Yaxshi ham eski shaharliklar bor ekan, shular bizni boqmasa ochdan oʻlardik», degan kim edi? Shu Ushinskiy emasmidi? Endi nima uchun eski shaharliklarga ishonmay qoldi? Oʻshanda, Tuproqqoʻrgʻon yaqinida yurakdan gapirgan edi. Endi-chi? Oʻsha gapini unutdimi? Unutmagan. Dekabrdagi yurishga kim aybli ekanini biladi. Lekin oʻz firqasining obroʻyini toʻkmaslik uchun eng pokiza narsalar ustiga ham magʻzava agʻdarishdan toymaydi.

Mana shunday beburd odam eserlarni tark etib, bolsheviklar tomoniga oʻtdi. Unga ishonishdi. Ishonganda ham muhim vazifa bilan borayotgan vakolaga qoʻshishdi. Shu odam qoʻshilmasin, degan Asadulla adovatchiga chiqarildi. Ana endi bir kupeda ketyapti. Hatto yarashishdi, «sulh» tuzishdi...

Kupe dimiqib ketgani uchun Ushinskiy derazani pastga tushirdi-da, boshini chiqarib, yuzini shabadaga tutdi.
— Oʻrtoq Mira’lamov, hind muhojirini yaxshi bilasizmi? — dedi Ushinskiy joyiga oʻtirgach.
— Zikriyo afandini aytyapsizmi? Unchalik emas, nima edi?
— Meni ularning platformasi qiziqtiradi. Kobulda ularning muvaqqat hukumati bor ekan, eshitganmisiz?
— Boʻlsa bordir... Boburiylar hukmdorligi tugagandan beri inglizlarga tobe ular. Yuz yillab qaramlikda yashagan xalqning koʻz ochadigan vaqti yetgandir. Tutgan yoʻllari ham shundan kelib chiqadi. Asosiy maqsadlari ozodlik ekaniga shubham yoʻq.
— Ozodlikka ham turli yoʻl bilan boriladi.
— Bu tabiiy. Yuz million yoʻl, qingʻir-qiyshiq yoʻldan eng adlini tanlay olishsa muddaoga erishishadi.
— Oʻsha siz aytgan adl yoʻli qanaqa boʻladi?
— Buni bilmayman.
— Ana koʻrdingizmi, ularning maqsadini bilmaymizu, ammo ishonib, qatorimizga olaveramiz.
— Veniamin Samoylovich, siz bu shubhalaringiz bilan oramizda ishonchsizlik uygʻotasiz, safarimizni tahlikaga qoʻyasiz.
— Yoʻq, azizim, men bir narsani bilmasam gapirmayman. Hammaga ishonishga haqqim yoʻq. Ishonganlarimizdan biri Osipovmidi? Revolyutsiya taqdiri qil ustida turganda hatto oʻzimdan ham shubhalanaman.
— Bekor qilasiz. Inqilobni shubhalar bilan ushlab turish mumkin emas. Inqilobning suyanchiqlaridan biri — ishonch.

Ushinskiy yana Osipovni misolga keltirib javrab ketdi. Asadulla u bilan bahslashish ortiqchaligini bilib, yostiqq yonboshladi, gaplariga e’tiroz bildirmadi. Ushinskiy hamrohining bahsdan boʻyin tovlayotganini anglab, gapni bas qildi.

Poezd bir-ikki silkinib, Asadulla uygʻonib ketdi. Tong yorishib qolgan edi. Asadulla oʻrnidan turib, dahlizga chiqdi.
— Sabohingiz xayrli boʻlsin.

Asadulla ovoz kelgan tomonga qaradi. Qora qoshlari tutashgan, jussador kishi tutqichga suyanganicha unga kulimsirab turardi.
— Zikriyo afandi? Uyqungiz qochdimi?
— Uyqu — gʻaflat. Gʻaflat jafosini bilamiz biz, — dedi Zikriyo afandi oʻychan tarzda.
— Gʻam yemang, gʻaflatlar chekinuvchi davronlar keldi.
— Bunday davr oʻzi kelmaydi. Vujudi jaholat ichida tor-mor boʻlgan xalqni kurashga koʻtarish oson emas. — Zikriyo afandi shunday deb sukut qildi. Keyin deraza ortida mudrayotgan oʻlik choʻlga boqqancha gapini davom ettirdi:

Koʻzlardin oqar qon yosh, bilmam, nechuk olamdur,

Dunyoni bosib selob, har goʻshada motamdur.

Toʻfonmu, balodurmu har qatrasi bir gʻamdur,

Bizlarni yaratmoqdan savdosi nedur, bilmam...
— Zikriyo afandi, badbinlik ham jaholat kabi yomon illat.
— Men badbin emasman, bu gaplaringiz bekor. Nekbinligim boisidan musofirlikda, quvgʻindaman. Eshitganingiz bordir. Kobulda Hindiston muvaqqat hukumati tuzilib edi. Kaltabinligimizni qarangki, biz Rusiya imperatoridan marhamat kutibmiz. Hukumdorga maktub yoʻllabmiz. Maktubni nimaga zarb etganmiz, bilasizmi? Tilla laganga! Umid bilan yoʻlga chiqdik. Safarimiz Toshkanda uzildi. Bizni tutib, inglislarga topshirdilar. Men qochdim. Rusiya hukmdoriga bizning qullikda qolmogʻimiz ma’qul ekan.
— Afgʻonistonning oʻzini mustaqil deb e’lon qiluvi hindlarga ta’sir etmasdan qolmas? Bizning doʻstlik aloqalari oʻrnatuvimiz ozodlik kurashiga qanot boʻlar?
— Aytganingiz kelsin. Sharq uygʻonadi, uygʻonish shodiyonasini koʻrish bizga-da nasib etadi, bunga ishonaman.

Zikriyo afandi shunday deb jimib qoldi. Asadulla uning oʻyiga xalal bergisi kelmadi. «Uyi, bola-chaqasi yodiga tushdi shekilli», deb oʻyladi. U yanglishmagan edi. Chindan ham Zikriyo afandi uyini esladi. Hindistonda uning bir qizi, xotini, qarib, kuchdan ketgan ota-onasi, besh ukasi, singlisi qolgan. Uyini eslaganda eng avval quchogʻini ochib, yugurib kelayotgan qizalogʻi koʻziga koʻrinadi. Uyni tashlab chiqqanda qizi besh yoshda edi. Hozir oʻndan oshgan. Lekin bari bir koʻziga besh yoshli doʻmboq qizaloq boʻlib koʻrinaveradi. Oʻn yoshli qizini tasavvur qila olmaydi.

Afgʻoniston safariga otlangandan beri Zikriyo afandi tinchini yoʻqotgan. U har kuni xayolan uyiga kirib boradi. Yugurib chiqqan qizini dast koʻtaradi. Keyin tiz choʻkib, avval ota-onasining etaklarini koʻziga surtib tavob qiladi. Soʻng onasi uni bagʻriga bosadi... Kim bilan qanday koʻrishishi bir-bir koʻz oldidan oʻtadi. Ana shu shirin umid uni Hindiston sari chorlaydi. Zikriyo afandi uch yil burun barcha yaqinlarining vabodan koʻz yumganligini bilmaydi. Bu dunyoda yakka-yolgʻiz qolganidan bexabar u. Orzu ummonida sarxush suzadi...

Asadulla Kogon bekatida Shuvalovni koʻrib chehrasi ochildi. Kogonda ularni tantanali suratda kutib oldilar. Bundan Xmarin ham, boshqalar ham hayron edilar.
— Men bu yerga shuning uchun barvaqt keldim-da, — dedi Shuvalov, ularga izoh berib.
— Faqat buning uchun emasdir? — dedi Ushinskiy.
— Buyogʻini surishtirmang. Ijozat bersalaring, oʻrtoq Mira’lamovni bir-ikki soatga olib ketsam.
— Oʻrtoq Shuvalov, — Ushinskiy shunday deb uni qoʻltigʻidan olib, chetga boshladi, — sizning sirli harakatlaringiz menga yoqmayati. Bolsheviklar orasida sir boʻlmasligi kerak. Safar natijasi oʻzaro ishonchga ham bogʻliq. Doʻstingiz Mira’lamov kela-kelguncha menga ishonch haqida gapirib keldilar.

Shuvalov bu pichingdan gʻashi kelsa ham oʻzini tushunmaganga oldi.
— Veniamin Samoylovich, — dedi muloyim ohangda, — bizning hozirgi ishimiz safarga aloqador emas. ChKni qiziqtirgan ishni ovoza qilishga haqqim yoʻq. Endi kelishib olaylik: bundan keyin hamma oʻz ishi bilan mashgʻul boʻlsin.
— E, yoʻq, azizim bu anarxiyaga yoʻl qoʻya olmayman. Har bir ish kollektiv hal qilinadi. Markazkomning topshirigʻiga koʻra, safar chogʻida firqa guruhiga men rahbarlik qilaman. Shuning uchun, oʻrtoq Shuvalov, oʻzboshimchalik qilishni oʻylamang.

Bu gaplardan Shuvalovning xamiri achigandan achidi: «Mira’lamovich toʻgʻri aytgan ekan, bu odam bilan hamtovoq boʻlgandan koʻra devonaning mushtini yegan afzalroq...»
— Veniamin Samoylovich, menga boshqa gapingiz yoʻqmi? Men hozir muhim ish bilan bandman, Mira’lamovich menga yordam berishi kerak. Xayr, siz bilan kechqurun koʻrishamiz.

Shuvalovning harbiychasiga shartta gapni uzishi Ushinskiyning e’tiroziga oʻrin qoldirmadi.
— Sogʻintirgan doʻstlaring bilan uchrashishga hushing qalay? — dedi Shuvalov, izvoshga, Asadullaning yoniga oʻtirib.
— Kim ekan?
— «Ulamo»chilarning qolgan-qutganlaridan biri. Sen Hasanxon hazrat degan odamni bilarmiding?
— Ha. Qoʻqon voqeasidan soʻng izsiz yoʻqolgan edi. Birovlar oʻldiga chiqardi, birovlar xorijga ketgan dedi.
— Oʻlmagan bu hazrat, tirik. Afgʻonistonga ketayotgan ekan. Buyoqqa shoshilganimning sababi ham shu. Afsus, katta baliq toʻrga ilinmadi. Maydaroqlarini ushladik. Bittasi seni tanir ekan. Seni oʻlimdan qutqarganmish.
— Kim? Tal’at maqsum emasmi?
— Ha. Gapi rostmi?

Asadulla kulimsiradi.
— Rost, tavba qilishga undagan.
— Endi oʻzi tavba qilyapti, ishonsa boʻladimi?
— Tulkining tavbasidan, mugʻambirning navhasidan qoʻrqish kerak. Yana kim biladi, balki chindan ham tavbasiga tayangandir?
— Hozir shu odam bilan gaplashasan. Hazratning qaerdaligini aytsin.

Tal’at maqsum bilan Asadulla sakkizinchi yilda tanishgan edi. Jadidlar safiga qoʻshilgan bu yigit davralarda maorif haqida koʻp gapirardi. Ana shu sergapligi tufayli ham Asadullada noxush taassurot qoldirgandi. Asadullaning oʻzi kamgap, sermulohaza boʻlgani sabablimi, koʻp gapiradiganlarni uncha xushlamasdi. «Koʻp gapiradiganlar amalda kam ish qiladilar», deb hisoblar edi. Oʻshanda ham Tal’at maqsum maorif haqida koʻp gapirar edi-yu, ammo yangi maktab ochish yoxud ochilganlarida ishlashni oʻylamasdi.

Oʻn yettinchi yilda surgundan qaytgan Asadulla oʻzini yana maorif ishiga urgan edi.

Bahor adoqlay boshlagan pallada odamlar Shayhontahurga oqdi. Mardikordan qutulib kelganlar shu yerga toʻplandilar. Olomon qalqib turgan zamon edi. Siyosatni toʻla anglab yetmagan aholini har kim oʻz maslagi tomon ogʻdirish yoʻlida boʻlardi. Demakki, bunday yigʻinlarda kattayu kichik firqa, toʻda, jamiyatlar yeng shimarib, maydonga tushardi. Kimki xalq dilidagisini topsa — marra oʻshaniki.

Bu yigʻin xabarini eshitgan Asadulla ham boshqa doʻstlari qatori ota mahallasiga kelgan edi. Notiqlardan biri Kerenskiyni alqay boshladi. Xudodan oʻris askarlariga gʻalaba tiladi.

Bu azamat notiq besh-olti oy muqaddam «podsho imperator a’zam Nikolay hazratlari»ga uzoq umr tilagandir. Zamon oʻzgardi-yu, duoning mazmunini ham oʻzgartirib qoʻya qolibdi. «Ikki-uch yil vatandan uzoqda, xorlikda, it azobida mehnat qilgan, qancha yoronlarini oʻrmonlar, botqoqlar bagʻriga dafn etib, koʻzlaridan yosh emas, qon oqqan, muhoriba nima ekanini bilib qaytgan odamlar endi Xudoga nola qilib, Kerenskiyga gʻalaba tilasharmikin? Muhori baning davom etuvi boshdagi kulfat toshlarining koʻpayishiga olib kelishini xalq anglamaydi, deb oʻylaydilarmi ular?»

Asadulla shu gʻazabnok fikrlar changalida turganida kimdir bilagidan ushladi. Yoniga oʻgirilib koʻrdiki, eski tanishlaridan biri — Tal’at maqsum. Boʻydor, yelkador bu yigit qorin qoʻyib yanada basavlat boʻlibdi. Darvoqe, toʻrt yil oldin u kelishgan yigit edi, endi katta kishi kelbatida. Burniga qoʻndirilgan toʻgarak koʻzoynagi katta yuziga yarashmabdi.
— Asadulla afandim, sizni koʻrar kun bor ekan-ku, a? — dedi u past ovozda.

Asadulla surgundan qaytganidan keyin ularni koʻrishga oshiqmagan edi. Tal’at maqsumning bu gapini gina oʻrnida qabul qilib, oʻzini sal noqulay sezdi.
— Vatanga qaytib, rohatda boʻlarman, desam, Toshkandni doshqozonga aylantirib, tagiga oʻt qoʻyib qaynatib yuboribsiz-ku, — dedi u gapni hazilga burib.
— Oʻt qoʻymasak, osh pishmayapti, — dedi Tal’at maqsum, tagdor qilib.
— Jadidlarimizning vazifalari nima: goʻlahlikmi, oʻtin keltirishmi yo haybarakallachilikmi?
— Jadidlar yoʻq endi, «Shoʻroi islomiya» bor.

Asadulla bir zum oʻylanib qoldi.
— Demak, jadidlarning bari...
— Hammasi emas, yuragida yurt tuygʻusi qolganlari. Boshqalari oʻzga yoʻllarda.
— Shunday boʻlishi tayin edi. Yagona maslaksiz birlashuv — qogʻozni tupuk bilan yopishtirishday gap. Buni endi tushungandirsiz?
— Asadulla afandi, endi maslak bor, aniq yoʻl mavjud. Sizday odamlar rahnamo boʻlmoqlari kerak.
— «Shoʻroi islomiya»gami? Rahnamolari bor shekilli? — Asadulla shunday deb minbarga imo qildi.
— Sizning kelganingizni Qori akamdan eshituvdim, — dedi Tal’at maqsum, Asadullaning kinoyasiga parvo qilmay. — Siz bilan uchrashish niyatlari bor ekan.
— Sababini bilarsiz?

Tal’at maqsum ayyorona jilmaydi:
— Bilaman. Jamiyatimizga gazit kerak. Bu ishda sizning oldingizga tushadigani yoʻq. Bokuga borib, arabcha harflar olib kelib, gazit chiqarganlaringiz esimizda.

Vatan mehri agar boʻlsa dilingda ishq savdosi,

Otil, nuri ozodliqqa, oʻzingni misli Farhod et... —

degan satrlarni ham unutganimiz yoʻq. Farhodlikdan yuz oʻgirmagandirsiz?
— Yuz oʻgirganimcha yoʻq... Ammo maqsum, baytni oʻzingizga ma’qul tarzda yodlash odatingiz chakki. Xotirim faromushlik qilmasa, men «nuri ozodlik» emas, «nuri maorifgʻa» deb edim shekilli?
— Ammo maorif — ozodlik yoʻli, shunday emasmi? — Tal’at maqsum Asadulladan javob kutmay davom etdi. — Qori akamning uylarini bilasiz, a, ertaga kutishsinmi?

Asadulla shartta rad javobini bermoqchi edi. Biroq nimadir ushlab qoldi. Oʻsha «nimadir»ni keyin ham koʻp oʻyladi. Lekin anglashga qurbi yetmadi. «Shoʻroi islomiya» gazetidan oʻz maqsadida foydalanmoqchi edi, deyilsa, oʻsha onda bunday fikr uygʻonmagan edi. Bu fikr oqshomda, depodagi oʻrtoqlari bilan maslahatlashganda yuzaga chiqqan edi. Jadid oshnasining yuzidan oʻtolmadi, deyilsa — kulgili hol.

Qoʻshtutdagi bu uyda Asadulla ilgari bir necha marta boʻlgan. U Tal’at maqsum yetkazgan taklifni qabul qilgandan keyin bu uyda qanday kutib olinishini koʻp oʻyladi. Turli tahminlar qildi.

Bularga gazetachi muharrir lozim ekan, Toshkentda gazetachi kammi, qalam ahliga qahat kelibdimi? Nima sababdan Asadulla Mira’lamga xaridor boʻlib qolishdi? Bir paytlar jadidlar safida boʻlgani uchunmi? Maorif uchun jon kuydirgani, muallimlar orasida obroʻyi balandligi uchunmi? Bokudan arabcha harflar olib kelib, gazit chiqarganini unutishmagan emish. Unda «Shuhrat» gazetasining yashirin temir yoʻl inqilobiy qoʻmitalar bilan, Orenburgda yashirin chiqadigan «Soldat» degan ruscha gazeta bilan aloqada boʻlgani, bu faoliyatining oxir-oqibati nima bilan tugagani ham yodlaridan koʻtarilmagandir?

Qoʻshtutni qoralab yoʻlga chiqqan Asadullaning xayoli shu oʻylar, gumonlar bilan band edi. U yoʻl-yoʻlakay doʻsti Mirmuhsinnikiga kirib, maslahatlashdi. Shu sababli ham Munavvar qorinikiga kechikib keldi.
— Surgun degan ofatdan qutulib kelganingiz muborak boʻlsin, — dedi Munavvar qori unga quchoq ochib. Yaratganing ishiga ba’zan tushunmay qolaman. Sizday donishmand odamga shu azobni ravo koʻrsa-ya!..
— Arining zahrini chekmagan bolning qadrini bilmas ekan. Surgun bahona Vatan, ozodlik qadriga yetdik.
— Koʻrganingiz shu boʻlsin, qani, toʻrga marhamat.

Asadulla bu takallufni inkor etmadi.
— Jadidlikni oʻzingizga nomunosib koʻrganingizdan soʻng, safimizda parokandalik boʻldi, xabaringiz bor, koʻp fozillar oʻzga yoʻl tutdilar. Vallohi, bu harakatlarning barchasi chakki, — dedi Munavvar qori. — Negaki, siz Oʻrda boʻyiga Miroboddan kelasiz, men esam Shayxontahurdan. Yoʻlimiz boʻlak, ammo marramiz bir.
— Qirgʻogʻimiz-chi?
— Gap qirgʻoqda emas. Eng muhimi ichadigan suvimiz bir. Ya’ni siz ham millat deysiz, biz ham. Siznig:

«Marizing bir tarafdan, bir tarafdan xorsan — millat!

Badandan doimo qon oldurar bemorsan — millat!» —

dagan satrlaringizni unutganimizcha yoʻq. Endi bemorni davolash vaqti yetdi.
— Millatni johil ulamolar ishtirokida davolamoqchimisiz?
— «Shoʻroi islomiya» — johil ulamolar toʻdasi emas. Bunda ma’rifat deb jon kuydiruvchi doʻstlaringiz ham bor, tijorat ahli, katta-kichik sarmoya egalari, ziyo istagidagi mullalar...
— Mullarlarning ziyo istashini bilmagan ekanman.
— Hammani bir qarichdan oʻlchashingiz chakki. Johil mullalarga mening ham tob-toqatim yoʻq, bilasiz.

Munavvar qori «Shoʻroi islomiya»ning maqsadini tushuntira ketdi. Asadullaning ziyrak fahmi uning bayonidan koʻp narsani ilgʻab oldi. «Mmaslaksiz toʻda», deb yanglishibman. Qadamni katta olmoqchi bular. Uchrashganim yaxshi boʻlibdi». Asadulla shu qarorga kelib, hamkorlik qilishga rozilik berdi.

Sarmoya boʻlsa gazetani chiqarish oson ekan. Asadulla ortiqcha urinishsiz ish boshladi. Mirmuhsin soʻzida turdi: «Ikki tarixiy voqea» degan kattagina maqola yozib berdi. Podsho agʻdarilganini aytib turib, din ahli johilligini fosh etib, «Sharhi mulla»ni yoqishga undagan bu maqolani Asadulla hech bir tap tortmay bosmaga berdi.

Gazeta chiqqan kuni idorasiga toʻrtta chapani yigit kirib, ura-ura uni izvoshga olib chiqdi. Keyin oʻzini zax yertoʻlada koʻrdi. Maqoladan ba’zilaning norizo boʻlishini kutgan edi. Ammo bu holga tusharman, chapanilarning mushtini yeb, yertoʻlaga tashlanarman, deb oʻylamagan edi. Baqamti kelganimda norizolarga tushuntirarman, deb bahona tayyorlab qoʻygan edi. Endi uni kimga aytadi? Uning soʻzlarini tinglasharmikin? Umuman, bu yerdan tirik chiqarmikin? Oilasi ham, depodagi oʻrtoqlari ham endi uni izsiz yoʻqotishdi. Ertalab idoraga ketyapman, deb chiqqan. Boshqa gapni bilishmaydi. Depodagi inqilobiy qoʻmita dindorlarga da’vo qilishi mumkin. Lekin, bular «biz ham yoʻqotib qoʻydik, oʻzimiz ham garangmiz», deyishsa-chi?

Asadulla xayolan ming koʻchaga kirib chiqdi, ammo yorugʻlik yoʻlini topmadi. Birdan Mirmuhsinni esladi: uning ahvoli nima kechdi ekan? Unga zugʻum qilishmadimikin? Maqolada nomini yashirib, taxallus bilan chiqarsa boʻlarkan, shu ishi xom boʻlibdi.

Asadullaning suyaklari zahdan zirqirayotgan damda Sebzor ahli eshakka teskari mindirilgan, yuziga qora chaplangan odamni tomosha qilardi. Gʻulomxon qoziga roʻpara qilinganida ham shakkokning tavba oʻrniga: «Sharhi mulla»ni yoqing, odamlar», deb hayqirish, ularga ajab tuyuldi.

Asadulla bu voqeadan bexabar, doʻstining taqdiridan xavotirda edi.

U yertoʻlada qancha oʻtirganini bilmadi. Moʻljali boʻyicha kunni ham, tunni ham oʻtqazdi. Umidlari asta soʻna boshlaganda yertoʻla eshigi ochilib, zinada odam qorasi koʻrindi. Asadulla to Tal’at maqsum tushib, ovoz bermaguncha uni tanimadi.

... Asadulla Shuvalovning yonida oʻtirib, shularni xayolidan oʻtqazdi.

Kogon turmasidagi tor, zax xonada Tal’at maqsum yolgʻiz edi. Temir panjara bilan toʻsilgan tuynukdan yopirilgan nur xonani ojiz yoritib turardi. Tal’at maqsum eshik ogʻzida paydo boʻlgan Asadullani koʻrdi-yu, hayajondan oʻrnidan turib ketdi. Quchoq ochib, unga peshvoz yurdi.
— Mahbus, joyingizga oʻtiring!

Soqchining dagʻal tovushi uni toʻxtatdi.
— Asadulla afandi, siz meni yaxshi bilasiz, maslakdosh edik, men jinoyatchi emasman, muallimman, ayting ularga.
— Muallimligingizni kech, juda-juda kech eslabsiz, Tal’at maqsum.
— Gapirmang, Asadulla afandi, gapirmang, boshim tars yorilib ketadi hozir. Istasangiz yalinay, istasangiz oyogʻingizga bosh uray, tavbamni yetkazing ularga, Toshkandimizga qaytarishsin, maorif ishidan boʻlak yumushlarga bosh suqmayman. Maorifdan oʻzgasini oʻylasam, kalomullo ursin! Xizmatingiz evaziga bir sir aytaman sizga.
— Ayting.
— Avval va’da bering.
— Maqsum, savdolashmaylik, aytgingiz boʻlsa ayting, boʻlmasa yoʻq.

U ikkilanib oʻyga toldi. Nihoyat, bir qarorga kelib, tilga kirdi:
— Vakolangizda gʻayri fikrli odamlar bor.
— Kim?
— Ikki kishiligi ma’lum menga, ammo nomlarini bilmayman.
— Maqsadlari?
— Vakolangiz Kobulga yetib bormasligi kerak.
— Bizning aynan shu kunlarda yoʻlga chiquvimizni qaerdan bildilaring?
— Oʻsha odamlardan.
— Siz oʻzingiz nima qilib yuribsiz, bu yerlarda?
— Manzilimiz Buxoro edi.
— Shuginami?
— ...

  

— Yashirmang, Tal’at maqsum. Siz Buxoroni ziyorat qilgali kelmagansiz. Hazrat qani?
— Hazratni koʻrmadim. U boshqa, biz boshqa yoʻl bilan borishimiz kerak edi.
— Nima uchun?
— Nima uchun boʻlardi, sizlarni chalgʻitish uchun-da.
— Sizning vazifangiz nima edi?
— Biz Turkistonning kofirlar zulmidan azob chekayotganiga kafolat berishimiz lozim edi.
— Kimga?
— Afgʻon amiriga... Istasangiz, yana bir sir aytay sizga... Uyingizni Muhiddin degan yigit yoqqan.

Bu gapni eshitib, Asadulla uzoq oʻy surdi, soʻng ijaraga boshpana soʻragan yigitni esladi: «Yuzida chandigʻi bor edi shekilli?»
— Oʻsha odamning yuzida chandigʻi bor edi-a? — deb soʻradi Asadulla. — Shundaymi, a?..
— Ha, bor, uni taniysizmi?
— Taniyman... — Asadullaning boshi qizib, koʻkragida sanchiq turdi, qoʻl-oyogʻi darmonsizlandi. Picha oʻtgach, chuqur nafas olib, ogʻriqdan bir oz holi boʻldi.
— U «Ulamo»ning oʻsha hukmini bajarmoqchi boʻlgan, baxtingiz bor ekan, qutulib qolibsiz.

«Baxtingiz bor ekan?..» Asadulla bu gapni eshitib, dodlab yuboray dedi. Baxti bor ekanmi? Bu baxtning nima keragi bor unga? «Ulamo»ning hukmini ijro qilibdimi u iblis? O, bilganda edi, ularning bu qadar razilliklarini, bu qadar vahshiyliklarini bilganda edi. «Ollohga shak keltirgan Asadulla Mira’lamning jazosi — oʻlim», deb hukm qilganlarida toʻgʻri borib kundaga boshini qoʻyib bermasmidi?

Hozir gʻazabga, xotiralar oloviga beriladigan payt emas edi. Asadulla chuqur-chuqur nafas olib, oʻzini bosdi.
— Tal’at maqsum, siz koʻp narsalarni bilasiz, ammo aytgingiz yoʻq. Soʻroq qiluvchi oʻrtoqqa yashirmay ayting hammasini. Boʻlib oʻtgan ishlardan ham, rejadagilarni ham. Men siz bilan uzoq qola olmayman.
— Va’dangizda turasizmi, meni Toshkandimizga qoʻyib yuborishadimi?
— Tal’at maqsum, men ularga kafolat beraman. Jinoyatlardagi ulushlaringizga qarab, ajrim qilishadi.
— Bu — nohaqlik! Siz oʻch olyapsiz!
— Maqsum! — Asadulla baqirib yuborganini oʻzi ham bilmay qoldi. Eshik ochilib, soqchi koʻrindi. Asadulla, badaniga titroq yugurgan boʻlsa ham oʻzini bosib gapirdi: — Tal’at maqsum, birgina mening uyim kuygan boʻlsa mayliga edi. Bir qarang atrofingizga, qancha-qancha yoziqsiz mazlumlarning uyi kuydi ekan. Uyaling, shunday deyishga, — Asadulla shart burilib, dahlizga chiqdi.

Asadulla Shuvalovning yoniga kirib, boʻlgan gaplarni aytdi.
— Ikki odam bor ekanmi? Kim boʻlishi mumkin? — dedi Shuvalov.
— Biri Irisov, bunga shubham yoʻq.
— U... Toshkentda qolmadimi?
— Biz bilan qaytyapti.
— Toshkentda hech kim bilan uchrashmagan. Oʻrtoqlar kuzatishdi. Qiziq... nimaga qaytyapti?
— Afgʻonlar hali-beri yoʻlga chiqishmaydi. Shuning uchundir?
— Boʻlsa bordir. Lekin sen bilan birga qaytishi... «Men Irisov emasman, bilib qoʻy, men sen bilan birgaman, sendan qoʻrqmayman», deganimi yo? Demak, azizim, yoʻlda zerikmas ekanmiz. Xoʻ-oʻsh, ikkinchisi kim?
— Shunga boshim qotdi?
— Ushinskiymi?
— Undan nimaga shubhalanyapsiz?
— Hamma narsadan xabardor boʻlishim kerak, deyapti-ku? Yo Xmarinmi? U biz uchun sinalmagan odam. Balki muhojirdir?
— Mendan shubhangiz yoʻqmi, Vitaliy Sergeevich?
— Piching qilma, Mira’lamov, ikkita odamdan bittasini topishimiz shart.
— Balki ikkita deb chalgʻitgandir?
— Yoʻq. Agar vakola Kobulga yetib bormasligi kerak, degan vazifa qoʻyilgan boʻlsa, bitta odamga suyanilmaydi. Uch-toʻrttaga ishonaman-ku, ammo bitta odam qoʻyilishiga ishonmayman. Maqsadlari faqat bizning safarimizga toʻsqinlik qilish emas, amirni qayrashmoqchi. Ikki amir bir boʻlib urushga kirishsa, janubimizda ham halovat yoʻqoladi. Bu uzoqni koʻzlagan harbiy taktika! Bu ishni hazratga oʻxshagan bitta-ikkita odam qilmaydi. Ularning orqasida boshqa kuchlar bor.

Poezd ertalab belgilangan vaqtda yoʻlga chiqmadi. Kecha oqshom Said Olimxon mulozimlari kelib, afgʻonlarni amir qarorgohiga chorlab olib ketgan edi. Afgʻonlar kun yoyilganda qaytdilar. Said Gʻafforbek Mirza Qandilxon yonida viqor bilan yurib keldi-da, Asadullaga muloyim salom berib, afgʻonlarga ajratilgan qoʻshni vagonga chiqdi.

Avvalgi
I- qism