OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Tohir Malik. Shapaloq (hajviya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiShapaloq (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/05
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shapaloq (hajviya)
Tohir Malik

«
Eridan kaltak yeyish baxtidan mosuvo xotinlarga bagʻishlangan hangoma
»


Hech narsadan hech narsa yoʻq Soʻtqul xotini bilan urishib qoldi. Yoʻqqulobod tomonlardagi er-xotin janjalida gʻalvani hech mahal er birinchi boʻlib boshlamaydi. Bu safar ham xotinning oʻzi boshladi.
— Voy, dadajoniey, sizga ham bir mansab bitsaydi, amaldor boʻlsangiz hukumat berib qoʻygan mashinada biz ham yayrab yurarmidik,-deb orzu qilib qoldi.

Aslida, bu yomon gap emas, xotinning shunchaki xom xayoli. Soʻtqul indamay qoʻya qolsa boʻlardi, ammo shayton uning koʻngliga ham gʻulgʻula soldi-yu xotining orzusiga oʻzinikini qoʻshdi:
— Qaniydi, xotin, xukumat bergan mashina boʻlsa, men ham bilardim ertalabki oshlarga qanaqa kerilib borishni. Saxar soat uchda koʻchaga chiqib yoʻlovchi mashina poylab, sargʻayib turmasdim. Yon telefonimdan garajga shart telefon qilardim.
— Yon telefoningiz nimasi, uyda oddiy telefon ham yoʻq-ku,-deb gapning beliga tepdi nodon xotin.
— E, kallavaram, tagimga mashina berib qoʻygan xukumat choʻntagimga telefon solib qoʻymaydimi? Sen gap qoʻshmay, tek oʻtir.

Xotin bosh irgʻab, jim oʻtirishga rizolik bergach, Soʻtaqul kelgan joyidan davom ettirdi:
— Ha, garajga telefon qilaman: «Allo, Galxon!»
— Qanaqa Galxon?-dedi xotini betoqatlanib
— Senga tek oʻtir, dedim. Galxon boʻlmasa, Valxondir, shunaqa bittasi oʻtiradi-da. Xullas, oʻshanga aytaman: shopirim erta saharmardonda soat uchu nol-nolda eshik tagida tursin. Mening gapim - gap! Aytgan vaqtimda mashina keladi, bitta signal chalib qoʻyadi.
— Voy, chalmasin, dadajoni, saharda hammani uygʻotib yuboradi-ya,-dedi zorlanib xotini.
— Uygʻonsa uygʻonar, qoʻni-qoʻshnilar bilib qoʻyishsin bizning kimligimizni. Shu gaping uchun mashinaga oʻtirgach, yana bitta signal chaldirib qoʻyaman.
— Unda burilishda ham bitta chaldirib qoʻying, Duz satang bir kuyib oʻlsin.
— Xoʻp, sening ham sazang oʻlmasin. Soat uchda Jorqulning oshiga boraman. Mashinadan tushishim bilan «keling, akajon, keling», deb turishadi. Bir tomonda tumonat odam navbat kutib turibdi, lekin meni alohida izzat bilan ichkari olishadi. U yerda ikki choʻqim osh yeb... Yoʻq, ichkarida oshdan oldin yuzta-yuzta konyakdan olinadi. Keyin irimiga ikki choʻqim osh yeb, yana savlat bilan chiqaman. Keyin Sotqulning oshiga boraman. U yerda ham ahvol shu: keling-keling, oling-oling...
— Dadajoni, u yerda koʻp ichmang, ishga boradigan odamsiz, yana hidi kelib tursa...
— E, nodon, amaldorga buning aybi yoʻq. Sen jim oʻtir, omad kelgan davrda davru davron surib olish kerak. Shu paytgacha menga birov nahorgi oshda oʻn gram quyib beruvdimi?! Dod desang - demasang Sotqulnikida ham ellikta otvolaman. Undan Dotqulning oshiga boraman. Undan Netqulnikiga... Yoʻq, bugunga shu uchtasi yetar. Netqul sal betayinroq bola, unikiga bormasa ham boʻladi. Keyin qorinni sila-ab, uyga kelaman. Ishga borguncha bir soat mizgʻib olaman, sen telefonlarni oʻchirib qoʻyasan. Balki... toʻgʻri idoraga boraverganim ma’quldir, a? Idoramda ham uxlaydigan xonam bor-ku? Kotibamga telefon qilib qoʻysam, choymi, qahvami damlab turadi.

Bu gap xotinga yoqmadi, jim oʻtirib eshitishi lozimligini unutib, erining gapini boʻldi:
— Idorada pishirib qoʻygani yoʻq. Uyga kelasiz. Choyni oʻzim damlab turaman. Siz uxlab turguningizcha men mashinangizga oʻtirib, bozorga borib kelaman.
— Urinib nima qilasan, shopir bolaga aytaman, bozorni oʻzi qoyillatib chiqadi. Sen sartaroshga borib, achigan qatiq xidi kelib turgan manavi sochingni shampun-pampunda yuvdirib, odam bashara boʻlib ol.
— Azonlab qaysi sartaroshga boraman?
— Kotibamga telefon qilsang, qaerdaligini aytadi.
— Ho...o,- xotin lab burib gap boshlamoqchi edi, Soʻtqul yoʻl bermadi:
— «Ho-o»lama. Bunaqa ishlarni yoshlar yaxshi bilishadi. Sen aytganimni qil.
— Xoʻp, unda kunduzi mashinangizni berib turasiz, beshik toʻyiga borib kelaman.
— Kunduzi mashina oʻzimga kerak. Majlis-majlisga chaqirib qolishadi.
— Ishxonangizda mashina bittamasdir?
— Boʻpti, jonimga tegavermagin, oʻrinbosarimnikini berib turaman.
— Ertaga ham berib turasiz, onamni koʻrib kelaman.
— Yaktoqqa borguncha mashinada ezilib ketasan, samolyotda bora qol.
— Mashinada kirib borishning savlati boshqacharoq boʻladi.
— Mayli, kotibam ham ammasini koʻrgani bormoqchi edi, birga borib kelasan.
— Kotibangizni tiqishtirmang. Bitta oʻzim boraman,-dedi xotin beliga qoʻlini qoʻyib.
— Birga borasan,-dedi Soʻtqul qat’iy.
— Yoʻq,-dedi xotin oʻjarlik bilan.
— Birga bormasang, tush mashinadan,-deb baqirdi Soʻtqul.
— Tushmayman, ana, kotibangiz tushsin,-dedi xotin boʻsh kelmay.
— Tush deyapman!
— Yoʻq, yoʻq!

Shu yerga kelganda Soʻtqul chidolmay qaysar xotinining yuziga bir shapaloq urdi. Xotin «voy!» deb betini ushlagnicha eriga baqrayib qaradi:
— Nega urasiz?
— Oʻzing nega mashinadan tushmaysan?
— Qani, qanaqa mashina?

Endi Soʻtqul xotiniga baqrayib qoldi: darvoqe... nimalarni gapiryapti?

Xomxayol er-xotin bir-birlariga baqrayganlaricha oʻtirishdi.

Endi «Soʻtqul kim oʻzi, biron vazirlikda boʻlim boshligʻi-yu erta-indin yangi amalga koʻtariladigan odammi?» degan savol tugʻilar? Soʻtqulning manzilini aytib qoʻyaylik: oʻsha oʻzingiz bilgan egrikoʻchaning boraverishda oʻng, kelaverishda chap tomoniga joylashgan yamoqchilik ustaxonasidan topasiz. Faqat... amaldorlik orzusida xotiniga bir shapaloq urganini eslatib, u bechorani hijolat qilmang, xoʻpmi?