OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiShaytanat (I- kitob, I- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Kriminal belletristika
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm269KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/12/01
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shaytanat (I- kitob, I- qism)
Tohir Malik

Muqaddima

Bismillohir Rohmanir Rohiym.

«
«Qachonki (bu) ish tugagach (ya’ni jannat ahli jannatga sazovor boʻlib, doʻzaxiylar doʻzaxga hukm qilingach), shayton dedi: «Albatta, Olloh sizlarga haq va’da qilgan edi. Men esa (yolgʻon) va’dalar berib, sizlarni aldagan edim. (Lekin) men uchun sizlarning ustingizda hech qanday hukmronlik yoʻq edi, illo men sizlarni (kufr yoʻliga chaqirishim bilanoq) oʻzingiz menga itoat etdingiz. Endi meni emas, oʻzlaringizni malomat qilingiz. Men sizlarga yordam bera olmayman, sizlar ham menga yordam berguvchi emassiz. Albatta, men sizlar ilgari (Ollohga) meni sherik qilganingizni inkor qilurman. Albatta, zolimlar (ya’ni kofirlar) uchun alamli azob bordir...».
«Ibrohim» surasining 22-oyati. Alouddin Mansur tarjimasi.
»
«
«Shayton gʻolib, jon berarda shoshdim mano».
Ahmad Yassaviydan satr.
»

Yaratganga ming-ming shukrlar boʻlsinkim, Siz — azizlarga aytmoq uchun dilimga yana bir gap soldi. Ollohning oʻzidan madad soʻrab, qoʻlimga qalam oldim. Umid shulki, aytar soʻzlarim sizlarni befarq qoldirmas…

Olloh subhanahu va taolo bandalariga «shayton yoʻlidan yurmanglar», degan. Nadomatkim, haq yoʻl turganida shayton yoʻli bizga durustroq koʻrinib, shu tomon ogʻamiz. Oyoqlarimiz yaxshilik emas, zulm sari yurishni ma’qul koʻradi. Peshonamiz devorga urilganda esa, «shayton yoʻldan ozdirdi», deb koʻksimizni dogʻlaymiz.

Shayton ham kishi bilmas ulugʻ qudrat egasi. U hasad, riyo, jaholat, razolat, xiyonat, gʻazab, shahvat, safohat, xasosat, anoniyyat, namimat, kizb, zulm, tama saltanatlarining sultoni. Uning saltanati qurgʻoqchilikni bilmaydi — u ekkan urugʻlarga Siz bilan biz suv berib, oʻzimiz anglamagan holda xolis xizmat qilib yuramiz. Shu bois uning saltanatida qadalgan har bir urugʻ nish berib, unib chiqadi, oʻsib, meva tugadi... Yon-atrofimizda shayton saltanatining fuqarosi koʻpmi, yo iymon va vijdon soʻziga itoat qilguchi tobunlarmi? Albatta, shaytonni yenga olganlar koʻp. Ammo shayton yoʻlidagilar koʻzimizga koʻpday koʻrinaveradi. Chunki ular ekkan yomonlik daraxti tez shoxlaydi, moʻl meva beradi. Men shu yomonlik daraxtining ildizini izlab toparman, deb yana sizlarga murojaat etyapman, vaqtingizni olyapman. Uni topmoqqa bir odamning aqli qosirlik qilmogʻi aniq. Koʻplashib fikrlashaylik-chi, inshoolloh, toʻgʻri xulosa chiqarib olsak. Hayot turfa rang. Koʻzni yashnatib, dilga quvvat berguchi chiroyli ranglar ham, koʻngilni vayron qilguchi qora rang ham bor. Avvallari qora rangni ishlatishga bir tomondan ijozat, ikkinchi tomondan jur’at yoʻq edi. Qoraning yonida albatta oq, pushti, zangori... ranglar boʻlishi shart edi. Zamon bergan erkinlikdan foydalanib, turmushimizning qora koʻchalariga kirishga jazm etdim. Yozganlarimni oʻqib, chor-atrof zimiston-ku, deb vahimaga berilmang. Yorugʻ kunda barcha yaxshi narsalarni koʻrib turamiz. Qorongʻida esa koʻrmaymiz. Urilib, surilib, qoqilib yuramiz. Alqissa, yorugʻ kunning qadriga yetmoq uchun qorongʻulikni ham koʻrish lozim emasmi?

Asarni oxirigacha oʻqiy olsangiz, bunga sabringiz va vaqtingiz yetsa, bir qancha odamlar bilan tanishasiz. Ular balki qoʻshningizga, balki doʻstingizga, balki qarindoshingizga oʻxshab ketar. Shu hol yuz bersa, «Falonchini yozibdilar» deb yurmang. Bu shunchaki tasodifiy oʻxshashlikdan boshqa narsa emas.

Hech bir inson yomonlik uchun yaratilmaydi. Inson dunyodan lazzatlanish, bu dunyo sinovlaridan oʻtish uchun keladi. Odam yerda yuradi. Shoir Asqar Qosim aytmoqchi:

Samodagi tuzoq nima bilmagay,
U hech kimga itoat ham qilmagay.

Afsus, oyoqlar ostida tuzoqlar koʻp. Bu tuzoq odam bolasining hayot yoʻlida hal qiluvchi vosita ham boʻlishi mumkin. Men asarda sizga hamroh boʻlguchi fuqarolarning ayrimlarini avvaldan tanishtiray. Shu maqsadda bir oz ortga qaytishimizga toʻgʻri keladi.

Elchin

1978 yil, 8 sentyabr.

U momiq bulutlar ustida sarxush suzardi. Birdan bulut choki soʻkilib, pastga qarab shoʻngʻidi. Yuragi shuv etdiyu koʻzini ochdi. Chindan ham bulut ustida sayr qilardimi, chindan ham pastga shoʻngʻidimi — daf’atan idrok etolmadi. Xayolini jamlashga urindi. Koʻrib turgani — naqsh bilan bezatilgan shift — demak, oʻz uyida. Ajab, uyga qachon, kim bilan qaytdi ekan? «— Men hazil oʻyin deb oʻylabman...

Qimorda hazil boʻlmaydi, erkak.

...Toʻlayman... faqat bugun emas. Bir-ikki yil ichida.

Pulni-ku, toʻlarsan-a, xotining-chi? Xotiningni ham tikvorgansan-ku». Bu xirildoq ovoz boshiga gurzi boʻlib urilib, sapchib tushdi. Beixtiyor:

Noila! — deb baqirdi. Javob boʻlmadi. «Olib ketishdimi?!» degan fikr vujudini parchalab tashladi. Bu safar jonholatda baqirdi: «Noila!!!» Ayvondagi qafasda mudrayotgan toʻtiqush patirlab, bir chugʻurlab qoʻydi-yu, tinchidi. Tashqarida it ulidi. U seskanib, atrofga olazarak boqdi: oʻng tomondagi yotoq eshigi qiya ochiq. Ichkarida chiroq yoniq. Noila yolgʻiz qolgan tunlari chiroqni yoqib yotardi. «Uyda ekan...» — shu fikr uning parchalangan vujudiga jon qaytardi. Eshik tomon yurdi. Ostona hatladi-yu, toshday qotdi: ikki kishilik karavotda, umrining eng shirin damlari oʻtgan oʻrinda Noila sochlari parishon holda yotardi. Agar choyshab qonga belanmagan, chap koʻkragiga pichoq qadalmagan boʻlganida uni shirin uyquda deb oʻylash mumkin edi. Achomlashgan uzun kipriklar pastki qovogʻiga soya tashlagan, bejirim lablari qimtilgan, qaldirgʻoch qanotidan nusxa olgan qoshlari esa taranglashgan. U hozir xotinining na kiprigiga, na qoshiga qaraydi. U hozir Noilaning boʻyni, baqbaqalari tishlanganini ham koʻrmaydi. Uning koʻzi hozir koʻkrakka qadalgan pichoqda. Dastasi kiyik shoxidan ishlangan pichoq javonda saqlanar edi. Uni kim oldi? Kim Noilaning koʻkragiga sanchdi? U bir necha daqiqa telbalarcha turdi. Soʻng, esi oʻziga kelgach, shoshilib borib koʻkrakdagi pichoqni sugʻurib oldi...

Asadbek

1949 yil, 31 dekabr.

Tongga yaqin onasining ingrayotganini eshitdi. Keyin otasi nimadir dedi. Tancha sovub qolgan, badani sovuqdan junjika boshlagan edi. Otashkurakni olib kulni titib qoʻysa-ku, olam guliston, ammo erinchoqlik sovuqdan ustunlik qildi. Bu yumushni ertalab onasi bajarar edi. Uchovlon tanchaning uch tomonida yotishardi. Hozir onasi narigi uyda ingrayapti, otasi nimadir deyapti. Sovuq uyda nima qilishyapti ekan?
— Uygʻondingmi, toychoq? — dedi dadasi ostonada turib. — Turaqol, ayangni kasalxonaga tashlab kelaman. Bugun qorbobo senga ham chana, ham uka olib keladiganga oʻxshaydi. Sen yaxshi bola boʻlib oʻtirib tur. Ayasi dadasining qalin yoqali katta ogʻir paltosini kiyib olibdi. Uning nazarida ayasi paltoning ogʻirligidan qiynalib inqillayotganga oʻxshardi. Ayasi tancha oldida toʻxtadi. U turdi. Ayasi uni oʻpib, yigʻladi.
— Dadasi, tanchaning choʻgʻini ochib qoʻying. Toychogʻingiz sovqotibdi, — dedi. Dadasi engashib, koʻrpaning bir tomonini koʻtardi-da, kulini titib, choʻgʻni ochdi. Keyin chiqib ketishdi.

U joyiga yotdi. Avvaliga yolgʻizlikdan bir oz qoʻrqdi. Soʻng uxlab qoldi. Bu safar oshqozoni tatalab uygʻondi. Sandal ustini qoplab turgan toʻrt burchakli katta patnisda bir burda non, bir siqim turshak bor edi. Turib, yuvinishga erindi. Qoʻlini choʻzib nonni oldi. Koʻcha tomondan bolalarning quvnoq qiyqiriqlari keldi. Non bilan turshakni yeb boʻlguncha «koʻchaga chiqsam dadam urishadilar», deb oʻziga oʻzi soʻz berib oʻtirdi. Qorin gʻami bir oz arigach, dik etib oʻrnidan turdi-yu, ayasi tikib bergan paxtalikni egniga ildi.

Ana shu paytda koʻcha eshigi ochilib, ikki kishi kirib keldi. Ayvonga chiqib oyoqlarini tap-tap urib, qorni qoqishdi. Soʻng eshikni ochib tanchali uyga kirishdi.
— Uyda kim bor? — deb soʻradi past boʻyli kishi.
— Otang qaerda? — deb soʻradi novcharogʻi.
— Dadam ayam bilan ketdilar.
— Qayoqqa?
— Uka olib kelgani.

Ular bir-birlariga gʻalati qarab oldilar.
— Joyingda qimirlamay oʻtir, — deb buyurdi past boʻyli kishi.

Qoʻrqib ketganidan qimirlashga ham holi qolmadi. «Bular oʻgʻri, yaxshi ham nonni yeb qoʻyganim», deb oʻyladi.

Ular etiklarini yechmay, eski kigiz ustida iz qoldirib, tokcha tomonga oʻtishdi. Kitoblarni titkilashdi. Keyin sandiqni ochishdi.

U titray boshladi.
— Tanchaga oʻtir, — deb buyurdi past boʻyli kishi. U sovuqdan emas, qoʻrquvdan titrayotgan edi. Tanchaga oʻtirganda ham qaltirogʻi bosilmadi. «Hech narsa topisholmasa, meni oʻldirishadi», degan xayolga kelib, yigʻlab yubordi.
— Nimaga yigʻlayapsan, qoʻrqayapsanmi? — dedi novcha odam.

Tili gapga kelmay, boshini irgʻadi.
— Qoʻrqma, biz oʻgʻri emasmiz. Biz xalqni oʻgʻri, muttaham, dushmanlardan himoya qiladigan odamlarmiz. Sening otang ham dushman. Oddiy emas, xalq dushmani!
— Bolaga bu gaplarni gapirmang, foydasi yoʻq.
— Foydasi bor. Bilib qoʻysa chakki boʻlmaydi.

Tintuv tugagach, bittasi patnisni surib qoʻyib, kursi ustiga, ikkinchisi deraza tokchasiga oʻtirib, papiros tutatdi.

Ular uzoq kutishdi. Nihoyat, koʻcha eshigi ogʻzida dadasi koʻrindi. Qoʻlida chana! U suyunganidan irgʻib turib, tashqariga yugurib chiqishi kerak edi. Ammo oʻrnidan jilolmadi. Oʻgʻlining peshvoz chiqmaganidan dadasi ham ajablanib, «Toychoq, uydamisan?» deb qoʻydi. Eshikni ochib, tanchali uy ichkarisiga bir odim tashladi-yu, hayratlanib toʻxtadi.
— Siz qamoqqa olindingiz, — dedi past boʻyli odam, uning orqasiga oʻtib.
— Xalq dushmani sifatida, — dedi novcha odam, uning roʻparasiga turib olib.

Dadasi indamadi. U: «Dadam ikkalasini urib-urib koʻchaga otvorsalar edi», deb juda-juda istagan edi. «Nimaga urmayaptilar, kuchlari yetmaydimi? Men borman-ku!»
— Dadamga tegmang! Tegmang dadamga! — daf’atan kelgan hayqiriqni toʻxtata olmadi. Irgʻib turib uzun boʻylining yelkasiga tirmashdi.
— Jim boʻl, ilonvachcha! — u shunday deb itarib yubordi.
— Bolaga tegmang! — deb baqirdi dadasi.
— Boʻldi, tomosha tamom, yur, — dedi past boʻyli odam.
— Birodarlar, — bu safar dadasining ovozi titrab chiqdi, — axir bugun yangi yil, oʻgʻlim yolgʻiz. Ertaga tong sahar aytgan yeringizga oʻzim yetib boraman.
— Mumkin emas, yur.

Dadasi ularga boshqa yalinmadi. Faqat: «Oʻgʻlim bilan xayrlashib olay», deb izn soʻradi. Ruxsat tekkach, uni bagʻriga olib, yuzini yuziga bosdi. Shunda yuziga dadasining koʻz yoshi tegib, u ham yigʻlab yubordi.
— Yigʻlama, oʻgʻlim, Jalil oʻrtogʻingnikiga chiqib oʻtir. Men ertalab qaytaman. Ayang senga uka olib keladi. Otini Samandar deb qoʻyamiz. Esingdan chiqmasin — Samandar! Dadasi shu ketganicha qaytmadi.

Zohid

1980 yil, 10 iyun.

Ular toʻrt kishi edilar. Aka-uka ularga bas kelolmasdi. Qochdilar. Koʻcha uzun, goʻyo adoqsiz edi. Hammasi xuddi tushdagiday kechdi: jonholatda tez yuguramiz deydilaru yugurolmaydilar — qochoqlar bilan quvloqlar orasidagi masofa tobora qisqaradi. Ana, uch qadam qoldi... ikki qadam... Orqadagilarning hansirashlari yaqqol eshitiladi. Soʻng oʻng chakkasiga orqa tomondan musht tushdi. Oyoqlari chalishib, muvozanatni ushlolmay qoldi — munkib borib deraza tokchasining qirrasiga kallasi bilan urildi. Koʻzlari tinib, a’zoyi badani boʻshashdi. Shu ahvolda ekanida akasining ihraganini eshitdi. Keyin akasi joni boricha baqirdi:
— Zohid, qoch!!!

U ham «aka, qoching!» deb baqirmoqchi edi, ovozi chiqmadi. Faqat lablarini arang qimirlata oldi. Kasalxonada oʻziga kelib, boʻlgan voqealarni esladi: shanba oqshomida aka-uka darsdan chiqib, qishloqqa qaytdilar. Onasi tandirga gʻoʻzapoya qalab, non yopishga hozirlanardi. Sovchilar ishni pishirishgan, ertaga qizning uyida non sindiriladi. Qarabsizki, yozgi imtihonlar oyoqlashi bilan toʻy boshlanib turibdi-da. Aka-uka ertaga boʻladi- gan shodlikni bilishsa ham bilmaganga olishadi. Faqat uka ayyorlik bilan koʻz qisib, akasiga qarab qoʻyadi. — Oʻrtoqlaring kelib ketishdi. Afzaling harbiydan qaytibdi. Oʻsha yerda oʻtirisharkan, — dedi ona boʻlajak kuyovga mehr bilan boqib. Aka oʻsha yoqqa otlandi.
— Hay, oʻrtoqlaringga qoʻshilib ichmagin-a! — onasi shunday deb uni ham akasiga qoʻshib mehmondorchilikka yubordi. Joʻralar quchoqlashib koʻrishdilar. Bir koʻchani changitib ulgʻaygan yigitlar fotiha toʻyidan darak topishgan, ular uchun Afzalning harbiydan qaytgani bir shodlik boʻlsa, ulfatlaridan birining boʻydoqlik qoʻrgʻonini buzib uylanayotgani oʻn shodlik edi. Chin shodlik shishalar boʻshatilguncha ekan. Bir-birovlariga bitta gap kam, ikkitasi ortiqcha darajaga yetishgach, barchasi unutildi. Akasining qaysi gapi joʻraboshiga yoqmadi — u eslolmadi. Ziyofat tugab, koʻchaga chiqishdi. Ana shunda joʻraboshi:
— Hali nima devding, quruq! — deb yoqasiga yopishdi.

Akasi ham hayron. Nima degani esida yoʻq. Ularni ajratib qoʻyishdi. Aka-uka tinchgina ketishayotgan edi. Yoʻl yarimlaganda orqadan toʻrttalasi quvib keldi...

...Fotiha toʻyiga atab yopilgan non janozaga kelganlar uchun yozilgan dasturxonga qoʻyildi. Murda yuviladigan uyga gullar sochildi. Chimildiq tutildi...

Bu paytda u kasalxonada xushsiz yotardi.

Toʻrtta edi ular. Qora kursida esa yolgʻiz joʻraboshi oʻtiribdi. U aka-uka bilan mushtlashib, «bexos urib oʻldirib qoʻyibdi». Jinoyat qasddan qilinmagan. Davlat qoralovchisi ham, oqlovchisi ham shu fikrda.

Sudxonaga akasining suratini olib kirishdi. Joʻraboshi yigʻlab turib, suratni olib qoʻyishni iltimos qildi. Guvohlar ham oʻtinib soʻrashdi. «Ha, bularda insof bor ekan-ku», deb oʻyladi. Lekin joʻralarning barchasi yolgʻon gapirishdi. Marhum xotirasi ham bulgʻanib tashlandi. Toʻrtovlon akasini urayotganda mard edi. Endi, javob berishga kelganda nomard kimsaga aylanishdi. Jon shirin ekan. Shu shirin jon uchun xoinlik qilish oson ekan, juda oson ekan.

* * *

Bayon qilganim — uch voqea ularning hayotidagi algʻov-dalgʻovning boshlanishi xolos. Shu voqealardan soʻng ularning ahvollari ne kechdi, boshlariga yana ne savdolar tushdi?.. Ana endi muqaddimani yakunlab, asosiy muddaoga oʻtsak boʻlar. Asarni soʻnggi nuqtasigacha oʻqib chiqishingizda Yaratgandan Sizga sabr tilayman. Assalomu alaykum va rahmatulillohu va barakotuh.

I bob

1

Qishloqda tongni xoʻrozlarning qichqirigʻi, qushlarning chugʻuri, nihoyat, eshakning hangrashi uygʻotadi. Ruhiy xastalar shifoxonasida esa derazalariga temir panjaralar mahkamlangan xonalardagi jinnilarning hayqirgan ovozlari tongni bir titratib soʻng uygʻotadi. Yanada aniqroq aytsak, bu ovozlar shomdan tongga qadar tinmaydi. Bu baqiriqlardan bezor boʻlgan tun bu yerlardan tezroq qochmoq istaydi. Uchinchi qavatdagilar tunning ojizligiyu oʻzlarining qudratlaridan masrur — goʻyo ular tongni uygʻotish uchun betinim xizmat qilib chiqadiganday. Anvar buni birinchi kelgan kuniyoq fahmlagan. Gaplari almoyi-aljoyi odamlar bilan hamxona boʻlgach, «chindan ham mening esim ogʻganmi?» deb oʻyladi. Unga mehribonlik koʻrsatganlarning chin maqsadini anglamoq niyatida xayolning turli koʻchalariga kirib chiqdi. «Mehribon»lar safining boshida «xalq otasi» turgani aniq. Umrini maqtov eshitishu chiroyli qiz-juvonlar bilan aysh qilishga tikkan idora boshligʻini Xolidiy emas, balki kinoya bilan «xalq otasi» deb atash rasm boʻlgan edi. Xolidiy «xalq otasi» degan soʻzni eshitganida zarracha ranjimasdi, balki unvon sifatida qabul qilishga koʻnikkandi. Aniqrogʻi, bu «unvon» unga juda xush yoqar, vaqt oʻtgan sayin chindan ham xalq otasi ekaniga ishonib borardi. Xolidiy xorijga koʻp safar qilguchi edi. Agar tugʻmas xotinlar delegatsiyasi chet elga boradigan boʻlsa ham bu odam roʻyxatning boshida turardi. Mabodo roʻyxatga kirmay qolsa, «axir men ham tugʻmaganman-ku», deb da’vo qilishdan toymas edi. Safardan qaytgach esa, albatta idora xodimlarini toʻplab, bir necha soat davomida xotiralarini soʻzlab berardi. Xalq tarixini oʻrganishi lozim boʻlgan ilmgoh asosan Xolidiyning xizmatini oʻtash bilan mashgʻul edi. Navbatdagi safardan qaytgan Xolidiy xotiragoʻyliklarning birida «majlisdagi ajnabiylar nutqimni eshitib, «siz oddiy olim emas, xalqning otasi ekansiz!» deb olqishlashdi» deb bir yayradi. Bu gapni eshitib Anvar «shu odam ota boʻlgan xalqning padariga la’nat!» dedi. Yonidagi hamkasblar avvaliga bu burama gapning magʻzini chaqishmadi. Keyin tushunib qolib, kulib yuborishdi. Shubha yoʻqki, Anvar-ning gapi Xolidiyga yetib borgan. Biroq, uni jinnixonaga yuborish uchun bu gap kifoya emas. Xolidiyning shogirdi dissertatsiya yoqlayotganida Anvar bu ilmiy ish emas, loʻttivozlik deb fikrini isbot qilishga uringan edi. Uning gaplarini barcha ma’qullagan, lekin uni himoya qilmagan edi. Dissertatsiya yaxshi baho oldi. Xolidiy istasa Anvarni oʻsha kuniyoq ishdan boʻshatar edi. Bunaqa idoralarda «shtat qisqarishi» degan gaplar boʻlib turadi. Anvarday choʻrtkesar olimning bahridan oʻtish Xolidiyga choʻt ekanmi? Lekin u Anvarni ishdan haydamadi. Yaxshi muomalada boʻlib yuraverdi. Yaxshi muomalasini darigʻ tutmagan holda jinnixonaga joʻnatdi. Ammo nima uchun bunday qildi— Anvar uchun ham, uning atrofidagilar uchun ham sir edi. Anvar birinchi kechada shu jumboqqa javob topishga harakat qildi. Oʻsha kecha uchinchi qavatdan taralayotgan ovozlarni eshitib, yuragi siqildi. «Meni bu havaskor jinnilar xonasiga keltirishga kuch topgan odamlar uchinchi qavatga ham koʻtarishga qudrat toparlar?» Anvar tunlari ijod qilib uxlamas edi. Bu yerda esa dam vahimali, dam ayanchli ovozlardan uxlay olmadi. Avvaliga dahlizda yurib chiqdi. Hamshiralar norozi boʻlavergach, karavotida shiftga tikilib yotishni odat qildi.

Bu tun ham shu zaylda kechdi. Tongga yaqin oʻrnidan turdi. Dahlizga chiqdi. Hamshira stol ustiga qoʻllarini qovushtirib, bilagini bolish qilib uyquga ketibdi. U bemorlarning telba-teskari gaplariga, uchinchi qavatdan kelayotgan baqiriqlarga koʻnikib qolgan. Eshikning tashqari oynavand tabaqasini mahkam yopgan, ichkarigi tabaqa — temir panjaraga qulf urgan — bu yogʻi xotirjamlik.

Anvar temir panjaraga yaqinlashib, tashqariga tikildi. Uchinchi qavat ham jimib qolib, hammayoqni oʻlik sukunat qoplasa, bu yer yanada vahimali boʻlsa kerak. Har holda «jinnixona» degan nomi bor. Har kim ham yurak betlab yaqinlasha olmaydi. «Men esam ular bilan birga yashayman. Biz ularni «jinni» deymiz. Ular-chi? Ular bizni nima deyishar ekan?.. Ularning koʻziga biz jinni boʻlib koʻrinsak kerak. Bu dunyoga qip-yalangʻoch holda kelamiz. U dunyoga ketishimizda ham hech narsa olmaymiz. Bir odamga ikki quloch surp kifoya. Ana shu kelish-ketish orasidagi bir chimdim, umrimizda nimalarni talashamiz? Bir-birimizga xoinlik qilamiz, hasaddan kuyib-yonamiz. Hatto... oʻldiramiz! Obroʻ topmoqchi, pul yigʻmoqchi, shuhrat orttirmoqchi boʻlamiz. Barchasiga ega ham chiqamiz. Shohsupada taltayib oʻtirganimizda hazrat Azroil keladi-yu, pattamizni qoʻlimizga tutqazadi. Biz esi sogʻ odamlar buni tushunib yetmaymiz. Ular — jinnilar balki shu haqiqatga yetib borganlari uchun bizning koʻzimizga ruhiy xasta boʻlib koʻrinishar? Axir ular orasida mansab talashishlar, maishat, hasad, xoinlik... yoʻq-ku?...» Anvar shularni xayolidan kechirib, yuragi toshib ketdi. Temir panjarani buzib uchinchi qavatga chiqqisi keldi. Panjarani siltab tortdi. Temir sharaqlab ketib, hamshirani choʻchitib yubordi. U uyqusiragan holda shoshib boshini koʻtardi-da, atrofga alangladi. Anvarni koʻrib, oʻrnidan turdi.
— Sizmidingiz? Qoʻrqib ketibman, — dedi. «Demak, mendan qoʻrqmaydi. Demak, mening esim sogʻ. Bu yaxshi», deb oʻyladi Anvar.
— Xavotir olmang. Kelajagi porloq havaskor yosh jinnilaringiz orom qoʻynida javlon urmoqdalar, — dedi u hamshiraga, hazil ohangida.
— Nimaga unaqa deysiz! Qoʻying, hamma tuzalib ketadi, — dedi hamshira, soddadillik bilan.
— Hamma tuzalib ketsa siz ishsiz qolasiz. Odamlarga ham qiyin boʻladi. Kim sogʻ, kim jinni — ajratolmay ezilib ketadi.
— Gaplaringiz qiziq.
— Jinnichami?
— Yoʻ-oʻq. Hecham unaqamas. Sizni nimaga chiqarib yuborishmayapti, hayronman. Sizga yana yangi dorilar buyurishibdi.
— Kuchliroqmi? Yashirmay aytavering. Kuchliroq dori buyurgan. Kecha boshligʻingizga qarab turib: «Sizni soʻysa yetmish kilo goʻsht chiqsa kerak», devdim. Qoʻrqqanidan koʻzi olayib ketdi.
— Nimaga shu gaplarni aytasiz-a?
— Kimgadir qitmirlik qilishim kerak-ku? Keling, qoʻying, bu gaplarni. Daftaringizga «shu kuchli dori bilan emlab qoʻydim» deb belgilayvering. Buning evaziga bitta latifa aytib beraman.
— Yana jinnilar haqidami, kerakmas.
— Siz eshiting, bu yangisi. Xullas, bir jinnixonada jinnilar tuzaladimi yo yoʻqmi, bilmoqchi boʻlishibdi. Jinnilarni samolyotga joylab osmonga uchirishibdi-da, qoʻllariga boʻsh shishalar tutqazishibdi. Bir mahal qarashsa, salonda bir kishi oʻtirganmish. Boshqalar qani, deb soʻrashsa, shisha topshirgani ketishdi, debdi. Sen-chi, deb soʻrashsa: «Nima, men jinnimanmi, bugun dushanba, magazin ishlamaydi», dermish. Hamshira kulib, yuzini chetga burdi.
— Agar meni olib chiqishsa, shartta tashlab yuborar edim, — dedi Anvar.
— Qoʻying-e, — dedi hamshira. Nazarida Anvar chindan ham osmondan oʻzini tashlab yuboradiganday tuyulib choʻchib tushdi. — Kirib bir oz damingizni oling. Anvar unga ma’yus tikildi. U belgilangan dorilarni ichmaslik, emlatmaslik uchun hamshiralarning koʻnglini koʻtarishga, kuldirishga harakat qilar edi. Keyin esa oʻzining masxarabozligidan gʻijinib, ranjirdi. Hozir ham shunday boʻldi. Hamshirani kuldirdi-yu, oʻzi ezildi. Endi ortiqcha gapga hojat yoʻqligini anglab, xastalar yotogʻiga qarab yurdi. «Agar osmonga olib chiqishsa, oʻzimni tashlardim, xudo haqqi, tashlardim. Bu yerdan qutulishning boshqa chorasi yoʻq», deb oʻyladi.

2

«Sizni yoʻqlashyapti» degan gapni eshitib ajablandi. «Kim yoʻqlashi mumkin? Yakshanbadan boshqa kunlarda bu yerga hatto Azroil ham kiritilmasdi-ku?» Tabibboshining xonasi tomon yurishgach, Anvarning xayoliga «xalq otasimi?» degan fikr urilib, toʻxtadi. «Nima hunar koʻrsatarkin? Meni bu yerdan boʻshatadimi yo uchinchi qavatga yoʻllaydimi?»
— Yuravering, — dedi hamshira, uning toʻxtab qolganidan ajablanib. Ostona xatlab ichkari kirdi-yu, koʻzlariga ishonmadi. Elchin! Oʻn yillik ayriliq jinnixonada barham topar, sogʻingan koʻngillar shunday joyda qoniqar, deb kim oʻylabdi?! Anvarning Elchinga yozgan xatlari javobsiz qolaverdi. U doʻstini koʻrish ilinjida hatto Uchquduqqa ham bordi. Biroq, Elchin u bilan uchrashishni xohlamadi. Keyin uni Sibir tomonlarga joʻnatishdi. Anvar: «Oshnam mendan qattiq xafa ekan-da», degan xulosaga kelishdan oʻzga chora topmadi. Ana shu doʻsti, xatlariga javob qaytarmagan, koʻrishishni istamagan qadrdoni jinnixona tabibboshisining xonasida unga jilmayib qarab tursa! Harholda uzoq ayriluvdan keyingi bu diydor koʻrishuv aytarli shirin kechmadi. Elchin unga sogʻinch toʻla koʻzi bilan tikilar, Anvar esa bu qarashga oʻzgacha ma’no berib, «sogʻmanmi yo rostdan jinnimanmi, shuni aniqlamoqchimi?» deb oʻylar edi. Shu xayoli oʻzi uchun haqiqat tuyulib, oʻzini jinnilikka soldi:
— Mana, oshna, — dedi u kulib, — shu oromgohda davlatning tekin ovqatini yeb yotibman. Besh kun ishlamaymiz, ikki kun dam olamiz. Kelajagi porloq havaskor jinnilar yuksak onglilik namunalarini koʻrsatmoqdalar. Haligacha birorta doʻxtirni yeb qoʻyishgani yoʻq, — u shunday deb tabibboshiga qarab qoʻydi. — Men bu yerda dunyoning tuzilish formulasini ishlab chiqdim. Birgina masala qoldi: shu opamni soʻysam, necha kilo goʻsht berarkin? Chamamda yetmish kilo. Nima deysan? Kalla-pochalari bunga kirmaydi. U shundoq deb doʻmboqqina, oppoqqina tabibboshiga koʻzlarini loʻq qilib oldi. Elchin uning bu ahvoliga ishonib-ishonmay bir oz oʻzini yoʻqotdi. Soʻng tabibboshiga qarab, iltimos qildi:
— Men oshnam bilan gaplashib olay, malol kelmasa siz chiqib turing. Tabibboshi malol kelganini yashirmay chimirilib qoʻydi. Elchin buni sezib endi qat’iyroq, buyruq ohangida dedi:
— Siz hujjatlarni toʻgʻrilang, hozir ketamiz.
— Men darrov chiqara olmayman, yaxshi yigit. Maslahatlashib olishim kerak.
— Maslahat pishgan! — dedi Elchin ovozini bir parda koʻtarib. — Asadbek ikkita gapni yoqtirmaydi. Tabibboshining rangi boʻzardi. Lablari titradi. Binoyi kiyingan, xushsurat bu yigit kirib kelganida tabibboshining tosh yuragi yumshagan edi. Bu qoraqosh yigit koʻzlarini sal suzib qarasa, uncha-muncha ayol zoti dosh berolmay qolardi. Olti yildan beri bevalikning taxir oshidan bezgan tabibboshi uchun birgina shunday qarash yetarli edi. Ammo «Asadbekning istagi bilan keldim», degan gapdan badaniga muz yugurdi. Asadbekning kimligini, qoʻlidan nimalar kelishini hech kim bilmasa ham shu ayol biladi. Bevalik unvoni ham unga shu Asadbek istagi bilan berilgan. Asadbek turgan joyda «xalq otasi»ning sariq chaqachalik qadri yoʻqligi ham tabibboshiga ma’lum. Bu xushsurat yigit, xotinini oʻldirib qamalib ketganidan keyin ham shuhrati soʻnmagan bu mashhur qoʻshiqchiki Asadbek bilan bogʻliq ekan, kichkina jinnixonaning boshligʻiga taysallashni kim qoʻyibdi?! Tabibboshi noshud, befahm ayollardan emas edi. Buni darhol tushunib yetdi. Rangining boʻzargani, lablarining titrashi gʻazabdan emas, qoʻrquvdan edi. U ortiqcha gap aytib yuborganini sezdi. Oʻzini oqlash, Asadbek istagiga zid ish koʻrish niyati yoʻq ekanini ma’lum qilish uchun gapni boshqa tomonga burdi:
— Oʻrtogʻingizni bilmagan odam hozirgi hazillarini eshitsa, rostdanam... — «jinni» deyishga uning tili aylanmadi, — halidaqa deb oʻylaydi. Elchin ayolning maqsadini angladi. «Bu bechora bir ijrochi, dilini vayron qilib ketmay», degan fikrda jilmaydi, oradan sovuq gap oʻtmaganday hazil ohangida dedi:
— Bu oshnam shunaqa hazilkash. Asli artist boʻlishi kerak edi-ku, Xudo urib olim boʻlib qolgan. Yana shoirligi ham bor. Esingdami, Anvar, maktabda «Tumov boʻlgan oshiq» degan she’ring bor edi. Oʻqiganda kulaverib ichaklar uzilardi.
— Sen ham yaxshi bola eding, Xudo urib ashulachi boʻlib qolgansan. Anvar bu gapni juda sovuq ohangda aytdi. Elchin uning koʻzidagi sovuq nurni koʻrib, nafasi qaytdi. Oʻzini majburlab kulib, tabibboshiga tushuntirgan boʻldi:
— Bunga gapiring-u, qoching. Gapi shunaqa, jonni sugʻurib oladi.Zoʻr-da, zoʻr. Ha, siz hujjatlarini toʻgʻrilayvering. Tabibboshi ham zoʻraki jilmayib, chiqib ketdi. Holi qolishgach, Elchin gapni nimadan boshlashni bilmadi. Oradagi sukutni Anvar buzdi.
— Meni Xudo urgani rost. Lekin sen aytgancha emas. Olim, balki bir oz shoir boʻlganim uchun urgan. Men bu dunyodan haqiqat toparman deb yurgan edim.

Shoir boʻlib tugʻilmasaydim,
Koʻrmas edim bunchalar xoʻrlik...
— Anvar, qoʻysang-chi, hazillashdim-ku? Shuncha yillik ayriliqdan keyin bir hazillashsam...
— Men seni sogʻindim... Xatlarimga nima uchun javob bermading? Meni koʻrishni ham istamagan edingmi?.. Endi nimaga kelding? Men seni qutqarishga ojiz edim. Endi sen meni ozod etmoqchimisan? Unamasam-chi?
— Anvar, xatlaringga javob bermay, Uchquduqda koʻrishishga chiqmaganimning sababini boshqa safar aytib beray. Mana bu yerimda, — Elchin koʻkragini mushtladi, — jon qolmagan, zardobga toʻla. Dardim toʻlib-toshgan, senga aytmasam kimga aytaman?
— Noilani sen oʻldirmagan eding. Bunga hammaning aqli yetib turuvdi. Sen uning ruhiga xoinlik qilding.
— Men qamoq muddatini oʻtab qaytdim. Oʻzim chiqargan hukm esa hali ijro etilgani yoʻq. Jazoimni tortib yuribman. Agar oʻshanda otishga hukm qilishganida biratoʻla qutular edim... — Elchin shunday deb xoʻrsindi.

Anvar unga tikildi: sochlariga oq tushgan, mijjalari atrofini ajin bosgan. Ruhini tetik koʻrsatishga intilayotgan boʻlsa ham, koʻzlaridan nur qochgan. Qarashlarida ilgarigi jon yoʻq...
— Otishganida xoin sifatida oʻlib ketarding.
— Jon oshnam, meni qiynama. Hozir menga yordaming kerak.
— Oʻz kuching bilan meni bu yerdan chiqarib ketganingda rahmat aytardim. Sen bir boshi buzuqning marhamati bilan menga ozodlik bermoqchi boʻlibsan. Miyang aynib qolibdi. Men hali senga dunyoning formulasini topdim, dedim. Bu sen oʻylagandek jinnicha hazil emas. Chindan ham topganman. Eshit: haqiqat degan narsa bu noʻl! Dunyoni koʻzga chiroyli koʻrsatib beruvchi niqob, choyshab. Oʻlikning ustiga gulli choyshab yopib qoʻyganing bilan murda chiroyli boʻlib qolmaydi-ku, toʻgʻrimi? Hayotda hech qanday oʻzgarish yoʻq. Faqat choyshabning nomi oʻzgarib turadi. Choyshabning hozirgi nomi nima, bilasanmi? Qayta qurish!
— Anvar, qoʻy, bu gapni keyin gaplashamiz.
— Yoʻq, eshit, mening nimadan jinni boʻlganimni bilishing kerak. Demak, dunyoning formulasi: haqiqatni iks deb turaylik, — Anvar stol ustidagi qogʻozni, chiroyli qalamni olib tez-tez yozdi-da, Elchinga uzatdi. — Mana, qara:

H(haqiqat) = xiyonat + riyo + (hasad+ochkoʻzlik) + adovat + gʻiybat + nifoq + shuhratparastlik + mansabparastlik — vijdon + iymon + hayo = 0

Elchin qogʻozdagi satrlarga uzoq tikilib qoldi. Soʻng uni ikki buklab stol ustiga tashladi.
— Oʻrislarda bir maqol bor: Amerikani ikkinchi marta kashf etmaydilar. Oddiy haqiqatni kimga isbot etmoqchisan? Dunyoda hamma narsa nisbiy. Men falonchiga nisbatan insofliman, sen esa menga nisbatan, yana bir odam senga nisbatan insofliroq. Har birimiz haqiqatni oʻzimizcha tushuna-miz.
— Bizning nodonligimiz ham shu tushunchalardan suv ichib koʻkaradi.
— Boʻpti, sen haqsan. Bahslashgan bilan qorin toʻymaydi. Narsalaringni yigʻishtir.
— Men... ketmayman. Menga shu yer yoqib qoldi.
— Jinnilik qilma.
— Yoʻq, shu imkoniyatdan foydalanmasam, chindan ham jinni boʻlaman.
— Bu ishga Asadbek aralashganini bilmasang indamay chiqarding. Men atay aytdim. Bilib qoʻyishing kerak buni... Seni bu yerga joʻnatgan odamga faqat Asadbek bas kela oladi, — Elchin shunday deb boshini egdi. Xuddi oʻzi bilan oʻzi gaplashayotgandek davom etdi: — Qaytgan kunimoq senikiga bordim. Oʻlarday sogʻinuvdim. Soʻng... aytadigan gaplarim koʻp edi senga. Men endi pulga muhtoj boʻlmayman. Bolaligimizda sen kuchli eding. Meni himoya qilarding. Hozir bu himoyaga muhtoj emasman. U tomonda orttirgan oshnalarim bor. Sen yonimda boʻlsang bas. Nafasingni his qilib tursam boʻlgani. Men adolatga sigʻinay desam, qayga boraman, haqiqatga sigʻinay desam, qayga boraman? Ezgulikka-chi? Bilib qoʻy, men uchun hammasi — sensan! Keyin, men seni bu holda tashlab qoʻymayman. Men xunxoʻr odamman. Ha, Noilani men oʻldirmaganman. Lekin u mening ablahligim tufayli halok boʻldi. Shuning uchun jazo olishim kerak edi. Bu — bir. Ikkinchidan, begunohligimni isbot qila olmas edim. Ular bunga yoʻl qoʻymas edilar.

Bilaman, oʻlim jazosini oʻshalar bekor qilishgan. Menga yaxshi bir saboq berishmoqchi edi. Saboq oldim. Lekin ular moʻljallagan xulosaga kelmadim. Endi mening suratim odam. Aslida esa, men ilonman! Ularni boʻgʻib qiynayman, soʻng qonini soʻraman. Men ularning koʻzlarini oʻyaman, tillarini sugʻuraman, qoʻllarini sindiraman, quloqlariga qoʻrgʻoshin quyaman. Umrimning mazmuni ham, totadigan lazzatim ham shu! — Elchin xoʻrsinib, Anvarga qaradi. Uning koʻzida yovuzlik oʻti chaqnadi. Endi u yosh dillarni vayron qiluvchi «lirik xonanda»ga sira-sira oʻxshamas edi. Anvar uning soʻzlarini eshitib, koʻzlariga tikildi-yu, bir soʻz aytmadi. Elchin undan javob kutmay gapini davom ettirdi:
— Sen menga keraksan. Rad etishga haqqing yoʻq. Bu dunyodagi umrim oʻlchovli, meni ranjitsang gunohga botasan, bilib qoʻy.

Anvar javob qaytarmadi. Ogʻir kulfat toshi yelkasidan bosib turganday bukchayganicha oʻtiraverdi. U doʻstining maqsadini tushundi. Asadbek huzuriga bosh egib borishining ma’nosini ham angladi. Elchin jonini tikib, xavfli oʻyinga kirgan edi. U uch boshli ajdahoni yengish qasdida chiqqan ulovsiz, yarogʻsiz pahlavon holida edi. Bir paytlar bu ajdaho koʻziga farishta boʻlib koʻringan edi. Anvar «Adashyapsan!» deb uni yoʻldan qaytarishga koʻp urindi. Ammo harakati zoe ketdi. Endi-chi? Endi nima qilsin? Yana yoʻldan qaytarishga urinsinmi? Ilgari Elchinning koʻzlari ojiz edi. Endi koʻra-bila turib, oʻlimga rozi boʻlib ketyapti.

Anvar bir qarorga kela olmay dogʻda edi. Shu bois boshini koʻtarib oʻychan koʻzlarini doʻstiga qadadi.
— Sening orqangda togʻ boʻlishi kerak. Men... afsus, togʻ emasman. Bir toshchaman. Hayot meni ermak qilib oʻynab, istagan paytda uloqtirib tashlashi mumkin. Menga ishonma.
— Yaxshi, buni keyin gaplashamiz. Bu yer masala soʻqishadigan joy emas. Tur, lash-lushlaringni yigʻishtir.

Anvar hazin jilmaydi.
— Men ketmayman.
— Istasang, seni bu yerga joʻnattirgan it emganlarning hammasini haydab kelib, qarshingda tiz choʻktiraman.
— Bundan nima foyda? Shu bilan insofga kelishadi, deb oʻylaysanmi? Oʻzingni ham, meni ham qiynama, ogʻayni.

Elchin tizzasiga urib, oʻrnidan turib ketdi.
— Qaysarlik ham evi bilan-da... — u bir oz jim qoldi. Soʻng Anvarga yaqinlashib, uni yelkasidan tutdi.— Hech boʻlmasa bir kunga chiqarsan. Toʻyimga borarsan, kuyovjoʻra boʻlarsan?

Bu gapdan keyin Anvarning koʻzlariga insof nuri qaytib, yuziga qizillik yugurdi.
— Uylanyapsanmi? Qutlugʻ boʻlsin. Shuni oldinroq aytmaysanmi? Xoʻp, bir kunga chiqaman. Kimga uylanyapsan, sir emasmi?

Elchin yangilikni eshitib qochib ketmasin, degandek Anvarning yelkasini yanada mahkamroq ushladi:
— Asadbekning qizini olyapman, — dedi doʻstiga tikilib.

Elchin «jodugar kampirga uylanyapman» deganida Anvar bunchalik hayratlanmas edi. Lekin Asadbekning qiziga uylanish!!! Toʻgʻri, Elchin xushsurat yigit, avvalgi shuhrati ham unchalik soʻnmagan. Eng lobar qiz ham unga jon-jon deb tegishi mumkin. Lekin Asadbekning qizi?.. Qiz xohlagan taqdirda ham, Asadbekning rozi boʻlishi?.. Anvar uchun bu yechimi ogʻir jumboq edi.

3

Aslida esa bu jumboqning yechimi unchalik ogʻir emas. Yechimga Noila oʻldirilgan tunda kirishilgan boʻlsa-da, hal qiluvchi palla deb 1988 yil 31 dekabrni belgilash mumkin.

Otasini olib ketishganidan beri, oʻttiz birinchi dekabr, nasariy hisobidagi yangi yil kechasi Asadbek uchun motam tusini olgan edi. Ulgʻayib, uylanib, bola-chaqali boʻlganidan keyin ham, atrofida odamlar toʻplanib, qudratli kuchga aylanganidan keyin ham yilning soʻnggi kunida yolgʻiz qolar edi. Bu kuni uni hech kim bezovta qilmasdi. Aniqroq aytsak, bu kuni unga birov yurak yutib betlay olmasdi. Bu kuni u eng muhim ishlarini ham chetga yigʻishtirardi.

Oldi peshayvon, ikki xonali oʻsha eski uyiga borib, chiroqlarni yoqmay, tanchaga choʻgʻ tashlamay tong ottirardi. Yangi yil kechasi uning eng sara, eng sodiq toʻrt yigiti uchun ham harom edi. Ularning ikkisi koʻchaning u boshida, ikkisi bu boshida sergak turardi. Shu tun qor tugul tosh yogʻsa ham, sovuq ming darajaga chiqib ketsa ham bu hol oʻzgarmas edi.

...Asad oʻsha kech otasining aytganini bajarmadi — qoʻshnisi Jalillarnikiga chiqmadi. Nazarida haligi odamlar hazillashganday, dam oʻtmay otasi qaytib keladiganday tuyuldi... Ana, koʻcha eshik «gʻiyt» etib ochildi. Ana, dadasi haligi ikki kishi bilan birga kulib kirib keldi. «Qalaysan, toychoq! Mening oʻgʻlim azamat, hech narsadan qoʻrqmaydi, desam, bular ishonishmay, men bilan garov oʻynashgan edi. Sinab koʻrib yutqizishganini tan olishdi. Qoyilman senga, ularni boplading!» Shunday deb dadasi uni oʻpdi... Koʻcha eshigiga ilhaq tikilib oʻtirganida koʻziga koʻrindimi yo bir zumgina mudroq yenggan chogʻida shirin tush koʻrdimi — farqlay olmadi. Har holda dadasining qaytishiga qattiq ishondi. Tancha sovudi. Chiroqni yoqmadi. Qoʻrqmadi. Ishonch qoʻrquvdan ustun keldi. Nigohi qorongʻilik bagʻrini titib, timirskilanib kezdi. Oy koʻtarilgach, hovlini qoplagan qor oppoq oqarib atrofni yoritdi. Oy nuri singan koʻzi oʻrniga qogʻoz qoplangan deraza orqali uyga ham kirdi.

Koʻcha eshik ertalabgacha qilt etmadi. Dadasining ketishi hazil emas, chinga aylanayotgan damda koʻcha eshik ochildi. «Dadam!» U irgʻib oʻrnidan turdi-yu, eshik ogʻzida oshnasi Jalilni koʻrib, oʻsha zahoti joyida qotdi. Jalil hovliga kirib, bir-ikki qadam bosgach, toʻxtab atrofga alangladi. Uning bunaqa odati yoʻq edi. Toʻgʻri uyga kirib kelaverardi. Hozir esa bir narsadan qoʻrqib toʻxtadi.
— Asad!

Jalil hovliga kirishi bilan shunday deb baqirib qoʻyib, uyga qarab yurardi. Bu safar past ovozda, birovni choʻchitib yuborishdan qoʻrqqanday asta chaqirdi. Javobni kutdi. Soʻng yana oʻsha ovozda «Asad», deb qoʻydi.

Asadbek oʻrtogʻini koʻrib yigʻlab yuboray dedi. Badanidan oʻtgan sovuqni ham endi sezdi. Qoʻrquv ham endi iskanjaga oldi.

Jalil yana chaqirdi. Javob boʻlmagach, iziga qaytmoq uchun oʻgirildi. Shunda Asadbek jonholatda «Jalil!» deb baqirdi-da, hovliga otildi. Jalil ranglari oqargan, koʻzlari kirtaygan, koʻkargan lablari titrayotgan oʻrtogʻini koʻrib baqrayib qoldi. Keyin yugurib keldi-da, qoʻllarini ushladi.
— Sovqotdingmi? — dedi soddalik bilan.

Asadbekning koʻzlaridan tirqirab yosh chiqdi. Hoʻngrab yubormaslik uchun pastki labini qattiq tishladi. Oʻzidan kattaroq yoki zoʻrroq boladan kaltak yesa yoxud oʻyin chogʻi yiqilib u yer-bu yeri ogʻrisa yigʻlab yuborardi. Kuzda birdaniga oʻn yettita yongʻoqni yutqizganida ham alamidan yigʻlab yuboruvdi. Hozir oʻzini yigʻidan tutdi. Vujudida oʻzi ham anglamagan kuch uygʻonib undagi yigʻini boʻgʻdi. Hozir dadasini olib ketganlarini, yangi yil kechasi qorongʻi, sovuq uyda bir oʻzi oʻtirganini aytib yigʻlasa ham oʻrtogʻi ayblamasdi, kalaka ham qilmasdi. Bu holatni u keyin, ulgʻaygan chogʻlarida koʻp esladi. Yigʻini boʻgʻa olgan qanday kuch ekan, deb oʻyladi. Ammo oʻylab oʻyiga yeta olmadi. Bu gʻoyib kuchi uni faqat yigʻidan toʻxtatmay, ojizligini ham yenggan, sirli qudrat ham bergan edi. Oʻsha onda u mutelik kishanini oʻzi bilmagan holda parchalagan edi. Shu bilan birga inson bolasiga xos eng pokiza tuygʻularni quvgan ham edi. Qorongʻi kechada unga qoʻrquv yaqinlashmadi, lekin mitti yuragiga yovuzlik tuxum qoʻydi. Yovuzlikning birinchi ovozini oʻrtogʻi Jalil eshitdi:
— Ularni oʻldiraman!..

Titroq, yigʻi aralash ovozda aytilgan bu soʻzni eshitib, Jalil qoʻrqib ketdi. Koʻchada janjallashib qolishganida «qarab tur, oʻldiraman seni» deb koʻp marta aytishgan. Oʻldirish qanaqa boʻlishini bilishmas, shu bois ham bu poʻpisadan choʻchishmas edi. Ammo Asadbekning labidan uchgan hozirgi soʻzlar... Bular poʻpisa emas, amalga oshishi haq boʻlgan hukm edi...

Oʻshandan beri yangi yilning birinchi kuni Jalil bu xonadonga kiradi. Asadbekning onasi vafot etgan yili oʻttiz birinchi dekabr oqshomida chiqqan edi, «meni xoli qoʻy», deb iziga qaytardi.

1949 yilning 31 dekabri Asadbekka «hayot beshafqat, hayot naq urushning oʻzi, ogʻzingni ochib lalayganing — oʻlganing», degan haqiqatni oydin qilib bergan edi. Oʻsha kuni u urushga kirgan edi. Oradan yillar oʻtib, urushda mutlaq gʻolib boʻldim, degan toʻxtamga kelib edi. Gʻalabasiga ishongan edi. Kutilmaganda mutlaq gʻolib emasligi ma’lum boʻlib qoldi.

Ikki kun burun qizi oʻqishga ketdi-yu, qaytmadi. Yigitlari shaharning titi-pitini chiqarib ham topisholmadi. Qiz oʻqishda boʻlgan, tanaffusdan soʻng esa darsga qaytmagan. Ota-onadan xafa boʻlib yoki biron koʻngil qoʻygan yigiti bilan qochdi, degan faraz Asadbek uchun behuda edi. Asadbek gʻanimlari uchun toshbagʻir, farzandlari uchun gʻoyat mehribon edi. Ammo mehrning chegarasini bilar, bolalarini erkalatmasdi. Shu bois qizning yengiltaklik bilan qadam bosishiga ishonmasdi.

Gʻanimlari bilan har kun, har soat olishuvchi, har daqiqa biror falokat roʻy berishi mumkinligini hisobda tutib yashovchi odam noxush damlarda tez fikrlash, tez xulosa chiqarishga odatlanadi. Asadbek ham tezda bir toʻxtamga keldi: uning hokimligi tuzdan yasalgan qasr ekan. Yomgʻir yoqqan mahali qasrning erib bitishini hisobda tutmagan ekan. Qizining oʻgʻirlanishi (aynan oʻgʻirlanganiga Asadbek shubha qilmaydi) ana shu yomgʻirdan nishon edi. Qizining oʻgʻirlanishi yana bir narsadan — shaharda yangi toʻda paydo boʻlganidan ham darak edi. Asadbek faqat shahardagi emas, butun oʻlkadagi yirik toʻdalarni biladi. Barcha toʻdaboshilar «Asadbek!» deganda uning hurmatini joyiga qoʻyishadi. Ayrimlar esa qoʻrquvdan zir titrashadi ham. Asadbekka qarshi biror ish qilish u yoqda tursin, sha’niga mos kelmaydigan xunukroq soʻz aytishdan ham choʻchishadi. Ularga «xudo bor», desangiz, ishonishmas, lekin «devorning qulogʻi bor», desangiz, ishonishadi. Ularning nazarida daraxtlarning, hatto oʻt-oʻlanlarning ham qulogʻi bor. Tildan uchgan har bir nojoʻya soʻz Asadbekka yetib borishini bilishadi. Ular Sadirqimorbozga oʻxshab oʻlim topishdan qoʻrqishadi...

...Sadirqimorboz vodiyda beli baquvvat yigitlardan edi. Bir kechada bir yarim million yutib olib, katta ziyofat berdi. Shunda manmanligi tutdimi yo ajal tilini qichitdimi: «Asadbeklaring menga qulluq qilib kelsin. Istasam, oldiga bir burda non qoʻyaman, istasam, suyak tashlayman», deb yubordi. Sadirqimorboz bu soʻzlarni kayfning kuchi bilan aytdi-yu, unutdi. Ikki kundan keyin koʻchalarida asfalt bosadigan mashinalar, egniga pushti kamzul kiygan ishchilar paydo boʻlishdi. Oʻtgan hafta u ijroqoʻm rahbaridan biriga «bizning koʻchaga ham son bitadimi yo yoʻqmi», degan edi. Koʻchadagi harakatni koʻrib, «bizning gapimiz ham yerda qolmaydigan boʻlibdi», deb gʻururlanib qoʻydi. Qoʻni-qoʻshnilar «pulning kuchi shu-da, qimorboz boʻlmaganida koʻchamizga it ham, bit ham qaramas edi», deyishdi. Uzun koʻcha ikki kunda asfaltlandi. Oʻsha kundan e’tiboran qimorboz ham koʻrinmay qoldi. Qimorboz «safar»ga ketsa, bir-ikki oysiz qaytmas edi. Buni qoʻni-qoʻshnilar ham bilishardi. Lekin bu gal besh-olti kundan keyinroq «qimorboz hech yerda yoʻqmish», degan mishmishlar tarqab qoldi. Oʻn kundan keyin esa Sadirqimorbozning uyi sotiladigan boʻldi. Uning xotini uyga xaridor chiqishini ham kutmay: «Sadir akamlar katta shahardan joy olibdilar», deb koʻch-koʻronini yuklab joʻnab ketdi. Hamshiralikka oʻqib, turmushga chiqqunicha bir yilgina ishlagan ayolning katta shahardagi jinnixonaga boshliq boʻlib qolganini eshitgan qoʻni-qoʻshnilar hayratdan yoqa ushlashdi. Ayrimlar «pulning kuchi shu-da», deb qoʻyishdi. Shu koʻchadan koʻp qatnaydigan aravakashlar qimorbozning uyiga yaqinlashganda otlarining hurkishidan bir nimani sezishdi-yu, ammo «astagʻfirulloh!» deb qoʻyishdan nariga oʻtishmadi. Hammaga ham jon shirin-da!

Asadbekni bilganlarga shu voqeaning oʻziyoq kifoya edi. Uning qudratiga ishonqiramay turganlar ham ta’zim qiladigan boʻlishdi. Chunki Asadbek manmansiragan gʻanimdan bu atroflar uchun butunlay yangicha boʻlgan, gʻoyatda vahshiy tarzda oʻch olgan edi.

Shunday ekan, Asadbekka kim qoʻl koʻtara olishi mumkin? Qoʻl koʻtarganda ham pichoqni duch kelgan joyga emas, yurakni moʻl uribdi. Asadbek har bir toʻdaning imkoniyati, ish usulini fikr oynasidan oʻtkazib, «yoʻq, ular jur’at etisholmaydi», degan qarorga keldi.

Bu ish tasodifan roʻy bergan emas. Puxta oʻylangan. Uzoq vaqt payt poylangan. Balki gʻanimga Asadbekning yaqinlaridan biri yordam bergandir? Qiz kuppa-kunduz kuni, koʻpchilik orasidan oʻgʻirlangan. Demak, qizi koʻchaga chiqib, mashinaga qadar ham oʻzi yurib borgan. Qizi tanimagan odamning orqasidan yurib bormaydi.Qizining dugonasi ham nom-nishonsiz yoʻqolgani ma’lum boʻlgach, Asadbekka kalavaning bir uchi koʻringanday edi. Ana shunda Asadbek keyingi bir yil ichida qamoqdan qaytganlar bilan qiziqdi.Elchinning ham qaytganini bilib oʻylanib qoldi: «Oradan oʻn yil oʻtibdimi? Ikki oydan beri nima qilib yuribdi ekan, nima uchun menga roʻpara kelmadi? Otuvdan olib qolganimni aniq biladi. Bila turib kelmagani qiziq...» Asadbek yigitlariga Elchinni, qamoqdan qaytgan yana besh odamni qattiq nazorat ostiga olishni tayinladi.

Koʻngli notinch boʻlganiga qaramay, oʻttiz birinchi dekabr kuni eski uyiga qarab ketdi.

Asrdan oʻtib, shomga yaqinlashgan paytda koʻcha eshigi ochilib, xotini koʻrindi.

Dadasi ham xuddi shu paytda kirib kelgan edi. U eshikni shart ochib, ichkari kirib, «toychoq!» deb suyunchilagan edi... Xotini esa eshikni ohista, xuddi sindirib qoʻyishdan avaylaganday ochdi. Hovliga horgʻin-horgʻin qadam tashlab kirib keldi.

Dadasi koʻringanida bolaligiga borib, yot kishilarni bir nafasgina unutib, irgʻib oʻrnidan turgan edi.

Xotini koʻringanda esa... tosh qotdi. Issiq jon oyoq-qoʻllarini tark etib, badaniga sovuqlik yugurdi. Dastlab xayoliga «qizim topilibdi!» degan xushxabar keldi. Ammo bu fikr umri yashin umridan ham qisqa boʻldi. «Shum xabar keltirgan!» — shu fikr uning tanasidan jonni quvib chiqara boshladi.

Manzura — erining koʻziga biron marta boʻlsin tik qaramagan, biron marta boʻlsin ishiga aralashmagan, «nima qilyapsiz, pulni qaerdan topyapsiz» demagan, «vazifam erimni suyib-erkalash, bola tugʻib berish, uyni sarishta tutishdangina iborat» deb bilgan ayol yostiqdoshi uchun muqaddas boʻlgan bu kunda uni bejiz bezovta qilmas edi.

Koʻcha eshikdan ayvongacha oʻn besh qadam, ayvon ikki qadam. Asadbekning nazarida Manzura bu yoʻlni bir necha soatda bosib oʻtganday boʻldi. Avvaliga «tezroq yur!» deb baqirib bermoqchi edi. Ammo sovuq xabarni bir soniya boʻlsa-da, kechroq eshitganim ma’qul, degan yashirin oʻy bunga yoʻl qoʻymadi.

Manzura ostona xatlab qadam qoʻyishga jur’at etmay, eriga baqrayib qarab qoldi. Uning qarashida iztirobdan koʻra qoʻrquv zohir edi. Asadbek u bilan salkam oʻttiz yil birga umr koʻrib, biron marta urmagan, soʻkmagan edi. Shunga qaramay xotini undan qoʻrqardi. Odamlardan Asadbekning yovuzligi haqidagi gaplarni eshitib yurak oldirgan desak, bu ovozalar keyinroq chiqdi. Asadbek chimildiqqa kirib kelganida uning koʻzidagi oʻtni koʻrganu yuragi shuv etib ketgandi. Holbuki, u damda Asadbek koʻzida yovuzlik emas, kuyovlardagina boʻladigan hirs oʻti mavjud edi.

Manzuraning otasi badjahlroq edi. Onasi esa huda-behudaga kaltak tushib qolishiga koʻnikib ketgandi. Er zoti xotinini mana shunday uraveradi, degan tushuncha Manzura ongiga singib ketgan, shu bois erining bir kunmas-bir kun qattiq doʻpposlab qolishidan qoʻrqib yashardi. U ba’zida oʻzicha: «Bunaqa qoʻrqib kutgandan urib yuborganlari ming marta yaxshi edi. Kaltak yeb oʻladigan boʻlsa, onam allaqachon oʻlib ketardilar», deb qoʻyardi.

Asadbek xotinini behad hurmat qiladi, boshiga koʻtarib yuradi, desam, sizni aldagan boʻlaman. Asadbekka muhabbat begona, desam, siz ishoning. Hayotdan alamzada yurak koʻzlari yovuzlik pardasida toʻsilgan, muhabbat otligʻ pokiza fazilat bunday biqiq va qorongʻi boʻshliqda yashay olmas edi. Lekin shunga qaramay, xotiniga bir buyum yoki oʻyinchoq sifatida ham qaramas, Manzuraning ayrim qiliqlari, ishlari yoqmaganda ham qattiq gapirmas edi. Manzuraning hatto «ovqat tayyor» deyishga qoʻrqib turishidan achchiqlanib, «bolalarni oʻzingga oʻxshatib mute qilib qoʻyma» derdi.

Sezib turibman. Siz bu gaplarimga unchalik ishonmadingiz. Odamni oʻlimga hukm etganida yuragi jiz etib qoʻymaydigan Asadbekning uyda musulmonsheva boʻlishi siz uchun gʻalati tuyulishi mumkin. Lekin men sizga Asadbekning onasi haqida hali soʻzlaganim yoʻq. Toʻngʻich farzandi emaklay boshlaganida erini urushga kuzatgan, ikki oydan soʻng qora xat olganiga qaramay, besh yil yoʻlga koʻz tikkan, ogʻzim oshga yetdi deganda esa boshi toshga tekkan, ikkinchi oʻgʻlini tugʻib chiqqanida erining qamalganini eshitgan, soʻng «dada» deb tili chiqqan Samandarning oʻpkasini sovuqqa oldirib, Egamga topshirgan, har sahar turib, samovar qoʻyib erini kutgan mushfiq ayol haqida keyinroq soʻz ochaman. Qani, ayting-chi, onasining dardli hayotini koʻrib ulgʻaygan odam ayolga qoʻl koʻtarishi yoki haqorat qilishi mumkinmi? Shuning uchun ham Sadirqimorbozning xotinini yolgʻiz tashlab qoʻymadi, shuning uchun ham Noilaga pichoq sanchgan yigitni surgun qilib yubordi, desam ishonarsiz? Hozir bu gaplarning oʻrni emas. Hozir Asadbekning eski hovlisidamiz. Asadbekning oʻzi nimqorongʻi uyda, xotini esa ostonada turibdi.

Asadbek ostonada turib qolgan xotiniga «ishqilib xushxabar aytsin» degan ilinjda tikildi. «Tezroq gapir!»— dedi ichki bir hayqiriq, «Yoʻq, indamay tursin!»— dedi boshqa bir ovoz.

Er-xotinning bir-biriga unsiz tikilib turishi uch-toʻrt nafas davom etdi. Ammo Asadbekning nazarida soniyalar soatlar kabi kechdi. Beixtiyor: «Gapir!»— dedi. Biroq, ovozini oʻzi ham eshitmadi. Hatto tili ham muzlab qolganday gʻoʻdirandi. Manzuraga bu ovoz gʻoyibdan eshitilganday boʻldi. Gapirishga mador topolmay yutindi.

Asadbek oʻzini qoʻlga olishga harakat qildi:
— Topildimi?

Manzura «ha» deganday bosh irgʻab, yigʻlab yubordi.
— Tirikmi?

Asadbek nima uchun bunday deb soʻraganini oʻzi ham bilmadi.
— Xudoga shukr, tirik...— Manzura shunday deb labini tishladi.

Shu soʻz Asadbekka jonini qaytarib berdi. Shart oʻrnidan turib xotiniga yaqinlashdi-da, uni ikki yelkasidan tutib, silkidi:
— Unda nimaga yigʻlaysan, nimaga vahima qilasan?

Manzura boshini egib, yigʻlab yubordi. Asadbek, shu paytgacha xotinini chertmagan odam, tarsaki qoʻyganini oʻzi ham sezmay qoldi.
— Gapir, deyapman!

Oʻzini qoʻlga olish uchun Manzuraga shu tarsaki kifoya edi.
— Mengina oʻlay... qizingiz... aytolmayman, dadasi...
— Gapir, xuddi boʻgʻib tashlayman, — Asadbekning ovozi tahdidli, bu shunchaki bir poʻpisaga oʻxshamas edi.
— Qizingizni bir ahvolda tashlab ketishdi...

Asadbek nima gapligiga tushundi. «Bundan koʻra oʻldirishgani yaxshi edi,— dedi oʻziga oʻzi, — bu shunchaki tasodif emas. Kim boʻlsa ham meni oʻtmas pichoq bilan soʻydi. Oʻla-oʻlgunimcha it azobini totishimni istagan odam qilgan bu ishni. Oʻch olishni bilarkan. Meni oʻldirib keta qolganda lazzat ololmasdi. Endi azobda toʻlgʻonishimni koʻrib, lazzatlanmoqchi... Yoʻ-oʻq... chuchvarani xom sanabdi. Lazzatlana olmaydi. Men oʻzim yuragimni sugʻurib olib chaynab tashlashim mumkin, lekin u koʻzlarimda azob uchqunini koʻrmaydi. Bu meni jangga chaqirdimi, demak, kurashaman!!»

4

— Uningni oʻchir! — dedi Asadbek dagʻal ovozda. — Uyga bor, ovozingni chiqarma. Bitta-yarimta soʻrasa... ammasinikida edi, de.
— Voy...— Manzura eriga ajablanib qaradi. — Ammasi yoʻq-ku?
— He noshud, — Asadbek shunday deb gʻijindi. «Bu lalaygan xotin eplab bir bahona topolmasa...» — ammasi boʻlmasa... koʻchada mashina sal turtib ketibdi, de, kasalxonada ekan, de.. Bor... Toʻxta, kim bilan kelding?
— Jamshid bilan.
— Seni tashlab, Jalilni olib kelsin.

Jalil hozir shaharning kunchiqar tomonidagi koʻpqavat uyda turadi. Ukalari ulgʻayib, siqilib qolishgach, Asadbek shahar ijroqoʻmiga birgina imo bilan toʻgʻrilab berganini oʻzi bilmaydi. Ishxonadagilarim lutf koʻrsatishdi deb quvonib yuribdi. Asadbek shahar markazidan, gʻishtli uylardan olib berishi mumkin edi. Bu holda Jalil darrov sergaklanib, homiysi kim ekanligini anglab qolar va bu marhamatdan, shubhasiz, voz kechardi. Qaysi bir oʻzbek ishchisiga shahar markazidagi gʻishtli uydan nasib etibdi — Jalilning bunaqa ikir-chikirlarga fahmi yetadi.

Jalil shom chogʻi kirib keldi. Asadbek qorongʻi uyda, pisillagan tanchada qunishib oʻtirardi. Doʻstining salomiga javoban bir qarab qoʻyib, lom-mim demay oʻtirgan yerida qoʻl uzatdi. Jalil Asadbek yoʻqlayotganini eshitiboq noxush voqea yuz berganini sezgan, «Nimaga? Nima boʻldi?» deb oʻtirmay, norin toʻgʻrashni ham yigʻishtirib, chaqqon otlangan edi. Oshnasining qunishib oʻtirganini koʻrib, xunuk voqea yuz berganiga ishonch hosil qildi. Shu sababli ham Asadbekdan ranjimadi. Boshqa payt boʻlganida «Azroilning qavmidan boʻlsang oʻzingga, men bilan odamga oʻxshab soʻrash!» deb bobillab berardi. Asadbekka bu yorugʻ olamda shu Jalil bas kelib tik gapira oladi. Jalil kezi kelsa otasini ham ayamaydigan, gapirganda ham hamisha baland pardada oladigan toifadan. Burni bir oz puchuq, yuzi dumaloqdan kelgan, qalin qora qoshli bu odam xunuk koʻrinsa-da, bejirim burun, bejirim lab, bejirim yuzli odamlarga nisbatan istaraliroq edi. Lekin u Asadbekka yaqin boʻlgani uchun a’yonlar ham astoydil uni hurmat qilishadi, desak adashamiz. Hurmatning sababi boshqa: hayotning qaltis oʻyinlarida ishtirok etayotgan, hamisha tigʻ ustida yurib, ertaga kimning qahriga uchrashi-yu, kimning fatvosi, kimning qoʻli bilan umrlariga nuqta qoʻyilishini bilmay hamisha xatarda yashaydigan a’yonlar bu begʻubor odamning rost gaplarini eshitganlarida oʻzlarini dunyo tashvishlaridan bir oz forigʻ boʻlganday his etardilar. Ammo Xudoning bu adashgan bandalari inson umri faqat yaxshi gaplar uchun, yaxshi ishlar uchun berilganini anglab yetmas edilar. Asadbekning yurak koʻzini alam, qasos oʻti koʻr qilgan, ularning aksari esa mol-dunyo, shuhrat, maishat ilinjida ojiz edilar. Jalil buni bilgani uchun ham ularni ayamas edi. Toʻgʻri, ba’zan u quyushqondan chiqadi. Ularning, hatto Asadbekning ham hamiyatiga tegadi. Shunday boʻlsa-da, uni kechirishadi. Boshqa odam Jalilning tilidan uchgan gaplarni aytib yuborsami — hukm tayin. Ammo Jalil bu davrada, oʻz iborasi bilan aytganda «shaytonsaroy»da, moziy yodgorxonasining qirilib ketayotgan pokizalik ramzi sifatida saqlanuvchi anjomi kabi asraladi.

Asadbek koʻpincha, dam xursandchiligida, dam koʻngliga qil sigʻmay qolganida Jalilni yoʻqlatardi. Yoʻqlov borganda u «xoʻjayiningning kayfiyati qandoq?» deb soʻraydi. «A’lo» degan javobni eshitsa, «meni koʻrmoqchi boʻlsa, oʻzi kelsin» deydi. «Chatoq» deyilsa, «Sen ketaver, meni onam mashinada tugʻmagan, avtobusda boraman», deb yoʻlga otlanadi. Asadbekning bugun — 31 dekabrda chaqirtirgani uni ham ajablantirdi, ham bir oz tashvishga soldi. Shu sababli yuborilgan mashinaga oʻtirib kelaverdi.
— Ha, ukam, tinchlikmi? — dedi Jalil, fotiha oʻqilgach.

Asadbek asta «ha» deb bosh irgʻab qoʻydi. U Jalilni chaqirtirishga chaqirtirib, gapni nimadan boshlashni bilmay garang oʻtirardi. U dardini faqat shu oshnasiga ayta olardi. Uni shuning uchun ham chaqirtirgan edi. Gʻanimlar qizining emas, oʻzining nomusini bulgʻaganini anglagani uchun ham dardini aytish ogʻir edi.

Tashqarida qor boʻlmagani, oy koʻtarilmagani uchun atrof tezda zimistonga aylandi.
— Samandar oʻlmaganida qirqqa qadam qoʻyardi, — dedi Asadbek, horgʻin ovozda. Jalil bu horgʻinlik zamirida titroq ham sezdi. Juda koʻp yillardan beri oshnasini bu holda koʻrmagan edi. Shu sababli darrov javob qaytarishga soʻz topolmadi.
— Ha, endi... umri kalta ekan... Hur ketdi, — dedi.
— Bu olamda na akam bor, na ukam... yolgʻizman...
— Gaping uyingdan ham sovuq, a? Odam ham yolgʻiz boʻlarkanmi? Faqat Xudo yakka! Sening bola-chaqang bor, akam yoʻq deysan, men kimman, katta xolangning erimanmi?

Yarim poʻpisa, yarim hazil ohangidagi bu gap oradagi sovuqlikni picha koʻtarganday boʻldi.
— Akamsan, sen akamsan...— dedi Asadbek oʻzini jilmayishga majbur qilib. Lekin bu hazin jilmayishini qorongʻilik yutib yubordi — Jalil ham koʻrmadi. — Samandar tirik boʻlganida...
— Toʻxta! Gapni chaynama. — Jalil uning tizzasiga shap etib urdi. — Diplomim boʻlmasa ham miyam ishlab turadi. Oʻzingni qiynama, boʻladigan gapdan gapir. Samandarni Xudo rahmat qilsin. Sen bilan men bir qop-bir qop gunohni orqalab boramiz u yoqqa. Samandar esa begunoh ketdi. Bu dunyoning gʻalvalarini koʻrmay ketdi. Xudoning suygan bandasi ekan. Endi u dunyoda huru gʻilmonlar bilan ayshini surib yurgandir.

Jalilning baland ovozda aytgan bu gaplari Asadbekka quvvat berganday sergaklantirdi. Oʻzidan oʻzi nafratlandi. «Bu qanaqasi, mishiqi boladay pingʻillab qoldimmi? Endi unga koʻz yoshi qilaymi? U meni yupatsinmi? «Qoʻyaver, bunaqalar koʻp hozir» deydimi yo «Sen birga boʻlgan qizlarning ham ota-onasi shunday kuygandir» deydimi? Men... charchabman... kuchdan qolibman... Bu yaxshilikka olib bormaydi. Menga qarshi urush ochdilar... Men esa pingʻillab oʻtiribman...»
— Jalil, — bu safar Asadbekning ovozi dadilroq yangradi, — sen ketaver.

Jalil «nimaga chaqirdingu nimaga haydayapsan?» demadi. Tushundi shekilli. Indamay oʻrnidan turdi.
— Mashina kutib turibdi, — dedi Asadbek.
— Oyim meni mashinada tugʻmaganlar. Besh tiyin toʻlasam, gʻirr etib olib borib qoʻyadi.
— Ertalab kelib, ovora boʻlib oʻtirma.
— Oʻzing bilasan.

Asadbek oʻrnidan turib, uni kuzatib chiqdi. Muyulishga qadar birga bordi. Jalil xayrlashib, qoʻnalgʻa tomon yurgach, Asadbek olcha daraxti panasida toʻxtab turgan koʻk «Jiguli»ga yaqinlashdi. Eshik ochilib, jingalak sochli yigit tushdi.
— Elchin degan otarchini yerning tagidan boʻlsa ham topib kellaring.

Asadbek shunday deb yoʻlida ketaverdi. Bu holat tashqaridan kuzatgan kishiga goʻyo jingalak sochli salom berganu u alik olib oʻtganday tuyulishi mumkin. Asadbek uch qadam qoʻymay koʻk «Jiguli»ning motori oʻt olib, joyidan xuddi poygachi mashinaday uchib qoʻzgʻoldi.

5

Elchin yonboshlagan holda televizor tomosha qilardi. Koʻzi televizorda, xayoli esa oʻzga tomonda edi. Qamoqdan qaytganiga ikki oy boʻlyapti. Qamoqning dastlabki kunlari, oylari zax hujralarga, sassiq baraklarga koʻnikishi qanchalik ogʻir kechgan boʻlsa, uyga qaytgach, shinam xonalarga, yumshoq oʻrindiqlarga oʻrganish shunchalik ogʻir boʻldi. Toʻgʻri, yumshoq oʻrindiqda tan rohatlanadi, ammo ruhi tikanaklar uzra yotganday azobda.

Bu uyda oʻn yil boʻlmadi. Noilasi oʻn yildan beri bu uyda nafas olmaydi, yurmaydi, shirin kulgisi, pichirlab aytuvchi ehtirosli soʻzlari eshitilmaydi. Qamoqning birinchi yillari u Noilasi bilan birga edi. «Marhumni soʻnggi marta qay holda koʻrsang, uni shu holda xayolingga muhrlaysan. Marhum senga kulib qaragan boʻlsa, umring boʻyi uni shu holda tasavvur etasan...» deydilar. Chindan ham avvaliga koʻzlari yumuq Noila bilan suhbatlashardi. Keyinroqqa borib xayolidagi Noilasi koʻzlarini ochdi. Lekin bu Elchin suygan kulib turuvchi koʻzlar emasdi. Bu nigohda «Gunohim nima edi?» degan ajablanish zohir edi. Elchin bu savol nazariga javob berishga majbur edi. Oʻzini, faqat oʻzini ayblab javoblar qaytarar, biroq, Noilaning ajablangan nigohi bundan taskin topmasdi. Mana shu holat, shu nigoh ta’qibi Elchin uchun oliy jazodan battar edi.

Uchquduq quyoshida jizgʻanagi chiqib ketay deganda ham, Sibir oʻrmonlaridagi qahraton qishning sovuq nafaslarida muzlab qolay deganida ham bunchalar azoblanmas edi. Ruh azobini dushmaningga ham ravo koʻrmasin ekan.

Oqlovchi soʻnggi suhbatda «yaxshi odamlar oraga tushib sizni otuvdan olib qolishdi. Giyohvandlik, qotillik oliy jazoga loyiq edi. Siz menga emas, oʻsha odamlarga qulluq qiling», degandi. Elchin, ruhi qiymalangan kezlari, «yaxshi odamlar»ning «marhamati»ni esladi. Bu «marhamat» uni azoblardan halos qilmay, balki bir umrlik jabru jafolarga hukm qilganini anglab yetdi. Shunda «Pichoqni sugʻurib oʻz yuragimga sanchmaymanmi!» degan oʻyda afsus chekdi.

Qamoq muddati yarimlaganda Noilaning nigohidagi «Gunohim nima edi?» degan savol «Oʻch oling!» degan undov bilan almashdi. Oʻch olish fikri unda oʻsha mudhish kunning ertasigayoq tugʻilgan boʻlsa-da, «men bir kuchsiz ashulachi boʻlsam, ular baquvvat bir toʻda, qoʻlimdan nima kelardi?» deb bechoraligidan kuyardi. Qamoqda turli taqdirli, turli fe’l-atvorli odamlarni koʻrgach, «Men ham erkakman. Ularga bas kela olaman!» degan ishonch tugʻila bordi.

Elchin qamoqdan shu ishonch bilan qaytdi.

Qamoq azobi tugab, ruhiy azob xuruj qilganini uyga keliboq his qildi. Ozodlikning bunchalik beayov kechishini u tasavvur etmagan edi. Birinchi tunni xuddi jinniday alahsirab oʻtkazdi. Keyingi tun yarimlamay, koʻchaga chiqib ketdi. Koʻchalarda tentiradi. Ertalab uyiga qaytib, oʻzini la’natladi: «Noilaning ruhi meni bu uyda oʻn yil kutgan edi. Men uni yolgʻiz tashlab, koʻchaga qochdim. Noilamning ruhidan qoʻrqib qochdim-a?! Oʻzimni erkak deb yuribmanmi, hali?!»

Agar koʻkragida qasos oʻti boʻlmaganida bu ruhiy azoblar uni ezib tashlardi. Vujudi uch-toʻrt kun mobaynida janggohga aylandi. Bir tomondan xotira izidan ergashuvchi ruhiy kechinmalar uni ezishga chogʻlanadi, ikkinchi tomondan esa qasos oʻti alanga olib bu kechinmalarni quvishga harakat qiladi. Alqissa, qasos oʻti gʻolib chiqib, u qaddini rostlashga muvaffaq boʻldi.

Qasos olishning turlari koʻp. Qamoqdan chiqqan kuniyoq «yaxshi odam»larning birini yoki bir qanchasini soʻyib tashlashi yoki uylariga oʻt qoʻyishi mumkin edi. Lekin bu oson yoʻl Elchinga ma’qul tushmadi. U nihoyatda uzun, nihoyatda xatarli yoʻlni tanladi. Elchin «yaxshi odamlar» toʻdasiga kirishi shart edi. Shu niyatda qamoqdan chiqqan kuniyoq ularning oyoqlariga bosh ursa olam guliston boʻlardi. Lekin u bunday ham qilmadi. Yanada boshqa yoʻl tutdi. Xatar koʻchasining eshigini ochib birinchi qadamini qoʻydi. Endi «yaxshi odamlar»ning oʻzi chorlaydi. Elchin bu chorlov ikki-uch kun orasida boʻlar deb oʻylagan edi. Biroq, yangi yil kirishiga yarim soat qolganida Asadbekdan elchi kelishi uning uchun kutilmagan hol boʻldi.

Jingalak sochli yigit — Jamshid gapdan koʻra ishni ma’qul koʻradigan yigit edi. U bilan oʻn kun turib, birga yurib toʻrttagina gap soʻrasangiz, hushiga kelsa ikkitasiga javob qaytarar, xohlamasa shu ikkita gap ham yoʻq edi. Indamas bu yigitni kuzata turib, yorilib ketmayotganiga ajablanasiz. Buning yoshidagi yigitlar oʻynab-kuladilar, askiya qiladilar. Jamshidning kulganini koʻrganman degan odam dunyoda yoʻqdir-ov. Lekin uning jilmayganini koʻrish sharafiga muyassar boʻlgan baxtiyorlar bor. Bunga ishoning. Kamgaplik hech zamonda, hech yerda fojia sanalmagan, balki fazilat hisoblangan. Shunday ekan, siz ham asardagi yangi tanishingiz Jamshidning kamgapligini asosiy fazilat deb bilavering. Bir voqea sabab boʻlib mehr, lutf, hayo kabi tushunchalarning yaqiniga ham yoʻlamay qoʻygan bu yigitdan oʻzga fazilat qidirib ovora boʻlmaylik. Ha, darvoqe, sadoqatni unutibmiz. U Asadbekka sadoqatli edi. U oʻsha voqeadan keyin kuchli, shafqatsiz odamlarni yaxshi koʻrib qolgan. Asadbek uning nazarida eng kuchli odam. Garchi undagi sadoqat bizning nazarimizda yaxshilikka emas, zulmga xizmat qilsa-da, oʻziga xos fazilat deb qabul qilishimiz mumkin

Elchin bu yigitni zimdan bilardi. Qamalmasidan ilgari Asadbek xonadonida boʻlganida uni bir necha bor koʻrgan. Shu sababli Jamshidni darrov tanidi. Jamshid oʻzbeklarga xos lutf bilan salom berib, «Siz falonchi akamisiz?» «Sizni falonchi akam yoʻqlayaptilar» deb latta chaynashni yoqtirmas edi. Eshik qiya ochilib, Elchin koʻrinishi bilan «Sizni Bek akam chaqiryaptilar» dedi-yu, mashinasi tomon yurdi. Elchin uning fe’l-atvorini bilmagani sababli toʻng muomalasidan taajjublandi. Koʻngli yomonlik yuz berganini sezdi. «Asadbekka ma’lum boʻldimi? Kim sotishi mumkin?» Kiyinayotganida ham, mashinaga chiqib oʻtirganida ham xayoli shu savol bilan band edi.

Jingalak sochli yigit gapiravermagach, Elchinning yuragi toshdi. Uni gapga solish uchun:
— Chaksam maylimi? — deb soʻradi.

Jamshid yoʻldan koʻz uzmagan holda, «ha», deb qoʻydi.
— Bek akangiz salomatmilar, koʻrmaganimga ham oʻn yil boʻldi, — dedi Elchin. Jamshid unga bir qarab oldi-yu, indamadi. «Demak, ahvol chatoq, — deb oʻyladi Elchin. — Agar Asadbekka ma’lum boʻlsa... Nimaga huzuriga chaqirtirdi? Bu yigitga «olib kel», demay, «oʻldirib kel» desa ish osonroq pishardi-ku? Oʻn yil avval oʻlimdan olib qolgan edi. Endi nima qilmoqchi?»

Elchin Asadbek saltanatiga qarshi urush ochganida dadil edi. Hozir nima uchundir choʻchiyapti. Uchquduqda ekanida qamoq ahlini yotqizib-turgʻizadigan mahbuslar unga ozor berishmasdi. Keyinroq oʻziga ma’lum boʻlishicha, u «Asadbekning odami ekan». Bu ta’rif Sibirda ham uni qiynoqlardan xalos etgan edi. Toʻgʻri, u yoqlarda Asadbek, desangiz birov bilmas edi. Lekin «Oʻqilon» koʻpchilikka taniqli edi. Elchin umrida oʻqilonni koʻrmagan, biroq, oʻzi kichkina boʻlgan bu ilon oʻqday uchib yuradi, odamga duch kelsa tovonidan teshib, miyasidan chiqadi, deb eshitgandi. Asadbekka «Oʻqilon» deb laqab qoʻygan odam shuni nazarda tutganmi?

Elchin ovozasi uzoqlarga ketgan ana shu dahshatli Oʻqilonga qarshi chiqdi. Birinchi qadamini qoʻydi. Bu ham birinchi, ayni choqda soʻnggi qadam boʻlib qolmasmikin?
— Ogʻayni, tanishib olaylik, ismingiz nima edi?— Elchin bu yigitni avval yaxshi taniganu shu damda ismini unutib qoʻyganday soʻradi.

Jamshid javob bermadi. Qarab ham qoʻymadi. Elchin: «Tirik boʻlsang bilib olarsan, deganimi bu?» deb oʻyladi.

Mashina eski shahar tomon burilganida Elchinning tashvishi ortdi. U Asadbekning bolaligi oʻtgan hovlini, uning odatini bilar edi. Qorongʻi hovliga, soʻng qorongʻi xonaga kirganida «kuragim ostiga hozir pichoq sanchiladi» deb kutdi. Yoʻq, u oʻlimdan qoʻrqmadi. Elchin oʻlimni boʻyniga olib, shu yoʻlga kirgan edi. U yoʻl boshidayoq pand yeganidan, muddaosiga yeta olmaganidan alamda. U necha yil qasos yogʻida qovrildi. Endi esa... U oʻzini qafasga tushib qolgan quyondek his etdi. Lekin bir necha daqiqadan soʻng esa bu ojizligi uchun oʻzini oʻzi la’natladi.

Elchin kuragi ostiga pichoq sanchilishini kutdi. Buning oʻrniga qorongʻilikdan Asadbekning ovozi keldi.
— Ha, hofiz, eson-omon chiqib keldingizmi?

Asadbekning ovozida piching yoki tahdid ohangi yoʻq edi. Elchin bundan yengil tortdi. Xavotiri bekor ekanini anglab, ovoz kelgan tomonga qarab salom berdi.
— «Keldim» deb ham qoʻymaysiz-a, hofiz, — dedi Asadbek salomga alik olib. — Har holda men sizga begona emas edim. Aka-ukaligimiz bor edi, a?

Asadbekning «sizni otuvdan olib qolgan men boʻlaman» demoqchi ekanini Elchin fahmladi. Koʻzi qorongʻilikka oʻrganib, uyning chap tomonida doʻppayib turgan tanchani, devorga suyanib oʻtirgan odam qorasini ilgʻadi. Uchrashuv nima uchun qorongʻida boʻlayotganiga tushunmadi.
— Qamoqdan qaytgan ukadan xabar olish akadan lozim, deb oʻylabman, — dedi Elchin gina ohangida.
— Kelganingizni bilganimda uchib borar edim, — gap ohangida endi kinoya sezildi. Soʻng ohang keskin oʻzgardi: — Hofiz, chaynalmasdan erkakcha gaplashaylik. Xotiningizning oʻlimida mening zarracha aybim yoʻq. Siz mening ziyofatlarimni gullatar edingiz. Sizni yoʻqotishdan men nima naf koʻrarkanman? Aksincha, zarar koʻrdim. Siz kimgadir yoqmay qolgansiz. Jallodni bizning ichimizdan emas, oʻzingizga oʻxshagan otarchilar orasidan qidiring. Bir-biriga surma ichirib ovozlarini boʻgʻadigan otarchilarning qoʻlidan bundan battar ishlar ham keladi. Aybni boʻyningizga olib, ahmoqlik qildingiz.

Chindan ham qotillik Asadbekning ixtiyorisiz sodir boʻlgan va u aybdorni beayov jazoga tortgan edi. Hozir buni aytmay, gunohkorni otarchilar ichidan qidirish kerak, deb qoʻya qoldi.

Elchin uchun Asadbekning gaplari yangilik emas edi. Qamoqda oʻtirganida gumonlar koʻchasi uni hamkasblari tomon ham boshlagandi. Toʻgʻri, «falonchi hofiz falonchi ashulachining choyiga surma qoʻshib ichiribdi», degan gaplarni koʻp eshitgan. Biroq, oʻz koʻzi bilan koʻrmagan, bunday voqeaga shohid boʻlmagan. Mana-man degan ashulachi ikkita-uchta boʻlsa shunday qilishi mumkindir. Hozir kunda bir arava qoʻshiqchi yogʻilayapti. Mikrofonni tumshugʻiga tirab kuchanadi. Ovozi bor-yoʻqligini ham bilib boʻlmaydi. Ammo har biri oʻzini zoʻr hofiz deb fahmlaydi. Latifa qilishlaricha, bir tasodif bilan yuzta hofiz harbiyga chaqirilibdi. Zobit ularni safga tizib «bir chekkadan sananglar» deb buyuribdi. Saf boshida turgani «bir» debdi, ikkinchisi «ikki» deyish oʻrniga u ham «bir» dermish. Uchinchi... qirqinchisi ham «bir» dermish. Zobit achchiqlanib turganda saf boshidagi unga asta tushuntiribdi: «Oʻrtoq boshliq, biz ashulachilarmiz. Bizda ikkinchi degan gap yoʻq, hammamiz birinchimiz». Hofizlar mayda qabihliklarni qilar-u, lekin begunoh ayolni zoʻrlab, soʻng yuragiga pichoq sanchishga jur’at etisholmas. Elchin bunga qattiq ishonadi. Shu sababli ham Asadbekning gaplarini bee’tibor eshitdi. «Oʻsha voqeadan oldin odamlaringiz mendan boj talab qilishdi. Har oyda falon ming soʻmdan toʻlab turishim lozim edi. Rad etdim. Shunda hazillashdik, deb meni ziyofatga olib borishdi. U yerda hazillashib qimor oʻynadik...» demoqchi ham edi, lekin «Toʻgʻri, ular hazillashishgandi» degan javobni eshitishini bilib, indamadi.
— Mendan bir xatolik oʻtgan: hasadgoʻylaringiz koʻpligini hisobga olmaganman. Sizni himoya qilishim kerak edi. Bir ashulangiz bor edi:

«Oʻynamasa kim oʻzganing nayiga,
Shum niyat-la tushadilar payiga!»

Siz endi oʻsha naychini qidiryapsiz, bilaman. Qidirmaganingizda sizni oʻgʻil bola demas edim. Naychi bilan... allaqachon hisob-kitob toʻgʻri boʻlgan. Siz uni oʻylamang. Siz... uylandingizmi?
— Yoʻq.
— Tirikchilik nima boʻlyapti?
— Oʻzbekning toʻyi bor ekan, xor boʻlmaymiz.
— Toʻyning ham toʻyi bor. Kim aytsa boraversangiz obroʻyingiz qolmaydi. Siz eng zoʻr ashulachi boʻlishingiz kerak. Odamlar «xoʻp» deyishingizga mahtal boʻlib haftalab ostonangizda yotadi. Bu yogʻini menga qoʻyib bering. Televizor, radio faqat sizning ashulalaringizni beradi. Sherali-yu, Gʻulomlaringiz sariq chaqa boʻlib qoladi. Siz ashula aytganingizda Ortiqlar «amma-xolasi havodor» deb etak ochib oʻtiradi.
— Rahmat, Bek aka, bularning evaziga men nima qilishim kerak? Har holda «hisobli doʻst ayrilmas», deganlar. Siz koʻp soʻramaysiz, bilaman. Nari borsa, sizga qul boʻlishim kerak-da, a?

Asadbek Elchindan bunaqa ignali gapni emas, balki samimiy minnatdorchilik kutgan edi. Asadbek lof urmayotgan edi, aytganlarini albatta roʻyo qilardi. «Bu otarchi nimasiga ishonib katta ketyapti?» Asadbek bir gʻijinib oldi. Kimda-kim zid soʻz aytsa, u gapini kalta qilardi. Uning nima hukm chiqargani bir qarashidayoq a’yonlariga ma’lum boʻlardi. Asadbekka botinib gap qaytargan odamning shoʻriga shoʻrva toʻkilishi aniq edi. Elchin buni bilardi. Bila turib beixtiyor nojoʻya gap aytdi, degan gapimga ishonib chalgʻimang. Elchin bila turib aytdi, bu gapni. Uning maqsadi Asadbekning qanotiga kirish edi. Lekin mute boʻlib emas, qaddini gʻoz tutib kirmoqchi edi. Hozirgi marhamatga javoban minnatdorchilik bildirish yana mutelik jandasini kiyish bilan barobar boʻlardi. U holda Asadbekning atrofidagi parvona fohishalardan farqi qolmas edi. Elchin shu uchun azob chekibdimi, shu uchun payt poylabdimi, reja tuzibdimi?!

Asadbek Elchinni avval ham durustroq bilmas edi. Elchin Asadbek uchun bir qoʻshiqchi, pul qistirganda irshayib qulluq qiluvchi otarchi edi. Asadbek man-man degan ashulachini ham odam qatoriga qoʻshmas edi. Unvoni, shuhrati ulugʻ ashulachilarni esa koʻpchilik oldida mazax qilishni, kamsitishni yoqtirardi. Toʻyda viqor bilan yurib oʻrtaga chiqardi, ashulachiga yaqinlashib choʻntagiga qoʻl solardi. Agar marhamat qilsa ikkita yuztalikni chiqarib ashulachining ikki yelkasiga «pogon» qilib qoʻyardi. Kayfiyati chatoqroq boʻlsa — yoqasiga qistirardi. Asadbekning izidan chiqqan boshqalar ham faqat yuztalik qistirardi. Shuning uchun ham yoqasiga pul qistirilgan ashulachi oʻzini kamsitilgan deb hisoblamas, balki «akaxon»ning hazillari deb bilib, irshaygan holda ta’zim qilardi. Elchin birinchi marta Asadbekning qahriga oʻshanday holatda duch kelgan. Asadbek yoqasiga pul qistirmoqchi boʻlganida boʻy bermagan edi. Oʻsha kuni yengil jazo oldi — ikki yigit yaxshigina doʻpposlab, torini majaqlab tashladi.

Asadbek hozir oʻsha voqeani esladi. Eslab turib «qamoqda ham aqli kirmabdi bu bachchagʻarning», deb qoʻydi.

Qorongʻilikni titratib chiqqan Asadbekning qahrli ovozi oraga tushgan bir damlik sukutni buzdi.
— Mening qullarim ajib-bijib yotibdi. Sendan durustroq qul ham chiqmaydi. Sen... ashulangni bilsang bas. Boshqa ishlarga tumshugʻingni suqma.

Elchin Asadbekning sensirashiga oʻtganidan bildiki, u gʻazab otiga mindi.
— Sen mol emassan. U yoqdan burningni oqizib kelmagansan. Tishingni qayrab yuribsan.
— Bek aka...— Elchin «mening hech qanday yomon niyatim yoʻq», deb gapni chalgʻitmoqchi edi, Asadbek yoʻl bermadi.
— Ovozingni oʻchir! Men gapiryapman, haddingdan oshma, bola! Sen xotining oʻldirilganini, u yoqlarda yurib kelganingni unut. Ammo Asadbek akangni unutma! Asadbek akang, Xudoga shukr, tirik. Mabodo u oʻlib qolsa, oʻligidan ham qoʻrq. Men goʻrimda ham tinch yotmayman. Atrofingda kimlar bor?

Bunday ochiq savdoni Elchin kutmagan edi. «Bilib turib soʻrayaptimi yo taxminan moʻljalga olyaptimi? Qizi yoʻqolganidan keyin yigitlari izgʻib hid olishgan boʻlsa-chi? Unda nima uchun qizidan gap ochmayapti?» Elchin arqonni uzunroq tashlash maqsadida oʻzini goʻllikka soldi:
— Ota-onam oʻtib ketishibdi, Xudo rahmat qilsin ularni...
— Chaynalma! Kimlarni soʻrayotganimni bilib turibsan. Sen men bilan mushuk-sichqon oʻynama. Mayda baliqlar hammavaqt kattalariga yem boʻladi. Senlar chivinsanlar, men — burgutman. Farqi bormi?

«Farqi bor, — deb oʻyladi Elchin.— Afsuski, burgut chivinni yeyolmaydi-da».
— Atrofingdagilar oʻzbeklarmi yo oʻsha yoqdan topgan qalangʻi-qasangʻilaringmi? Oʻzbek boʻlmasa yoʻqot ularni. Oʻzimiznikilar ham yetib ortadi. Zerikmasliging uchun besh-oʻnta bolani senga topshiraman.

«Demak, yonimdagilarni bilmaydi. Qizini kim zoʻrlaganini ham bilmaydi. Taxmin qilyapti. Ishonchi komil boʻlganda men bilan pachakilashib oʻtirmas edi. Bir otarchi nomusini bulgʻaydi-yu, u safsata sotib oʻtiradimi?»
— Bek aka, men yolgʻizman. Qasos olish niyatim borligi rost. Ammo birovning yordami bilan olinadigan qasos menga tatimaydi. Yonimga odam toʻplamaganman.
— Qasam ich!
— Xudo ursin!

Elchin taqvo degan narsani, qasamning qadri degan narsani bilmas edi. Bolalar bir-birlarini ishontirish maqsadida kunda yuz marta «xudo ursin» deyishadi. Elchin hozir xuddi bola kabi oʻylamay-netmay «xudo ursin» deb yubordi. Asadbek osonlik bilan ichilgan bu qasamga ishonmasa-da, bir oz taskin topganday boʻldi.
— Sen tezroq uylan. Toʻyingga oʻzim bosh boʻlaman.

Asadbek shunday deb jim boʻldi. Elchin gap tugaganini anglagan boʻlsa-da, bir oz turdi. Soʻng «ketaveraymi?» deb soʻradi. Asadbek sovuqqina qilib «ha», deb qoʻydi. Elchin uning gʻazabga toʻlgan nigohini qorongʻida koʻrmadi.

Elchin Asadbek «uylan» deganida, «qizini menga beradi endi» deb oʻylagandi. Elchinning nazarida Asadbek uchun eng toʻgʻri yoʻl shu edi. Bu yoʻl Elchinni maqsad sari tezroq olib borardi. Ammo u yanglishdi. Qoʻshiqchi eplab raqsga tusholmagani, raqqosa esa eplab ashula aytolmagani kabi u jinoyatning hadisini olmagan edi. U xayolan ish pishitishga usta edi. Asadbeklar xayolda emas, amalda bajarardilar. Asadbek qizini qamoqdan chiqqan otarchiga berganidan koʻra oʻldirib yuborishi mumkinligini Elchin hisobga olmagan edi.

Elchin Anvarga «Asadbekning qizini olyapman» deb yanglish gap aytdi. Xayolidagi ishini haqiqatga aylantirib yubordi.

II bob

1

Qayta qurish sharofati bilan depara qidiruv boʻlimining inspektori, leytenant Zohid Sharipovning yelkasiga oftob tegdi. «Halolligi, oʻz ishiga vijdonan munosabatda boʻlganligi» tufayli uni shahar prokuraturasiga ishga olishdi. Jumlaboshini qoʻshtirnoq orasiga olganimga, kinoya qilyapti, demang. Bu jumla depara ichki ishlar boʻlimi boshligʻining tavsiyanomasidan koʻchirmadir. Zohid chindan ham halol, vijdonli yigit. Uning aynan shu fazilati boshliqqa yoqmas edi. Boshliq «qayta qurish, oshkoralik degan balo qayoqdan chiqdi!» deb norozi boʻlib yurganida, aynan shu qayta qurish joniga ora kirdi: yoshlarni koʻtarish masalasi kun tartibiga qoʻyilganda shartta Zohidning nomzodini koʻrsatdi.

Mahmadona leytenantning har majlisda bir igna sanchib olishi, haqiqat talab etishi boshliqning esini teskari qilib yuborgan, majlis desa koʻngli agʻdariladigan, koʻz oldiga Zohid keladigan boʻlib qolgan edi. Zohid ketgach, atrofidagi ikki-uch haqiqatparvarlarning oʻz-oʻzidan tinchishiga ishonardi. Boshliq Zohidni «mening koʻrichagim», deb piching qilardi. Osongina tashrih tufayli bu ozorli darddan qutulganiga shukr qildi. Lekin Zohid koʻrichak emas, buyrakdagi tosh ekan. Oʻqtin-oʻqtin qoʻzgʻab, bezovta qilib turishi mumkin ekan.

Zohid prokuraturada vazifasini oʻtashga kirishgan kuniyoq uning qoʻliga shu deparaga oid ish berildi. Kecha tantana bilan kuzatilgan leytenant bugun yana boshliq huzurida paydo boʻldi. Ilgari boshliq unga baqirib, hatto chiqarib yuborishi mumkin edi. Endi esa jilmayib koʻrishishga majbur. Boshliq Zohidni butunlay yoʻq boʻlib ketadi, deb hisoblamagan. Biroq bunchalar tez kelar, deb oʻylamovdi.

Usti choynak izlaridan dogʻ boʻlib ketgan bitta stol, oshiq-ma’shugʻi arang ilinib turgan kitob javoni turgan tor xona Zohidga meros boʻlib qoldi. Stol tortmasidan «VT» sigaretasining boʻsh qutisi, besh-olti dona choʻpi qolgan gugurt bor edi. Zohid ularni olib simtoʻrxaltaga tashladi-da, stol ustini changdan tozalash uchun uch-toʻrt bora qattiq pufladi. Shu puflash oqibatida qoʻqqis uygʻonib ketgandek telefon jiringladi.
— Sharipov, — dedi u, telefon goʻshagini qulogʻiga tutib.
— Lola koʻchasidagi oʻn yettinchi uydan qoradori topilgan. Qidiruv guruhi joʻnadi. Bu ish sizga topshiriladi.

Buyruq qisqa va qat’iy edi. Zohid shoshilmay oʻrnidan turdi-da, goʻshakni joyiga qoʻyib, tashqariga yoʻl oldi. U Lola koʻchasini bilardi. Oʻzi xizmat qilgan militsiya boʻlimiga yaqin, mahalla guzaridan chapga burilishdan shu koʻcha boshlanardi. Bu mahalla tinch, yilda bir-ikki mushtlashish boʻlib turishi hisobga olinmasa jinoyatdan ancha yiroq edi.

Mahallaning osoyishtaligi militsiya boʻlimi yaqin joylashgani uchun emas. Milisaxona koʻchib kelmasidan oldin ham mahalla tinch edi. Bu yerdagilarning aytishicha, biz tilga olgan «bir-ikki mushtlashuv» ham milisaxona koʻchib kelganidan soʻng boshlangan. Bu qanchalik toʻgʻri yo notoʻgʻri — Yaratganga ma’lum. Mahallaning osoyishtaligiga sabab, bu yerdagi odatlarga na «turgʻunlik» deb nom olgan yillar ta’sir oʻtkaza olgan, na qayta qurish degan gaplar. Mahalla azaldan qariyalar hukmiga boʻysunib kelgan. Umri adosiga yetgan qariyalar eng yaxshi odatlarni oʻzlari bilan olib ketmay, ortlarida qolayotganlarga meros qoldirishgan. Kimga yolgʻon, kimga chin, shaharda boʻkib ichib, oyoqda turolmaydigan darajaga yetgan odam ham mahalla hududiga qadam bosishi bilan sergak tortib qolarkan. Salomni kanda qilmay guzardan oʻtib, uyiga yetib olarkan.

Zohid mahallaning odamlarini yaxshi bilgani uchun ham boshi qotdi: qoradori bilan kim shugʻullanishi mumkin?

Biron joyda jinoyat sodir boʻlsa qidiruvchilarning koʻz oldiga dastlab yaqin orada qamoqdan qaytganlar keladi. Bir uyni oʻgʻri urib ketgan boʻlsa, avval oʻgʻirlik usuli bilan qiziqishadi. Yozuvchining oʻziga xos uslubi boʻlganidek, jinoyatchilarning ham oʻz uslublari mavjud. Ali oʻgʻrining ishi hech mahal Vali oʻgʻrining ishiga oʻxshamaydi. Ba’zan jinoyatchilarning oʻzlari militsiyaga yordam berishadi: uslub kimniki ekanini aytishadi. Qora dorining topilishi ham shunday «xolis xizmat» oqibati boʻlishi mumkin.

Lola koʻchasidagi oʻn yettinchi uy oldida ikkita yengil va bir tez yordam mashinasi turardi. Hangomatalablar ham toʻplanishib qolishgan edi. Uy tashqi tomondan qaraganda xarobgina koʻrinadi. Yondagi imoratlar koʻkrak kerib turgani uchunmi, chiroyli peshtoqsiz bu uy oddiy bostirmaga oʻxshardi.

Zohid ichkari kirdi. Uzunasiga ellik qadamcha keladigan hovli ishkomdan iborat edi. Tashqarisidan gʻaribgina koʻringan uy ichkarisi ham shu ahvolda ekan. Oʻrtada dahliz, dahliz toʻrida obrez. Chap tomonda kichikroq uy kimyogarlikka oid turli-tuman idishlarga toʻla. Oʻng tomonda kattaroq xona — yotoq ham, yemakxona ham shunda mujassam.

Jinoyat qidiruv boʻlimining xodimlari — Zohid-ning kechagi hamkasblari shu yerda. Oʻrtada dumaloq stol. Stol ustida oq kukunli shaffof xaltachalar — tanish manzara. Deraza yonidagi kursida yosh juvon boshini ushlab oʻtiribdi. Yigʻlayverib shishib ketgan. Xona toʻrida — divan. Divanda bir yigit behush yotibdi. Qidiruvchilar boshligʻi — Hamdam Tolipov axborot berdi.
— Uy egasi Sharif Namozov — anavi yotgan yigit, vino zavodida bosh muhandis ekan. Bir xalta portfelidan chiqdi. Qolganlari narigi xonada. Tajribaxonasi emish.
— Oʻzi mastmi?
— Gʻirt mast. Bilagida igna izi bor. Hozir qon olishdi, natijasini aytib qolishadi. Anavi ayol xotini ekan. Hech nimani bilmayman, deydi.
— Iziga qanday tushdinglar?
— Ikkita giyohvand yigitni tutuvdik. Qaerdan oldilaring, desak, shu yerni aytishdi.
— Osongina aytishdimi yo qiynadinglarmi?

Hamdam «meni bilasan-ku», deganday kulimsirab qoʻydi. Zohid boʻsh stulni olib, ayolning roʻparasiga oʻtirdi-da, oʻzini tanishtirdi.
— Ismingiz nima?
— Nasiba, — juvon shunday deb unga najot koʻzi bilan tikildi.
— Eringiz nima ish qiladilar?
— Vino zavodida ishlaydilar. Ikki oygina boʻldi, koʻtarishuvdi. Portugaliyaliklar bu kishining ishlarini sotib olishgandan keyin odamlarning oʻzlari saylab qoʻyishdi. Koʻnmasalar ham zoʻrlashdi. Boshliq boʻlishga sirayam toqatlari yoʻq edi.
— Portugaliyaliklar qanaqa ishni sotib olishdi?
— Musallas qilishning yangi usulini topganlar. Besh yildan beri sarson edilar. Oʻzimiznikilar hech oʻtkazishmadi. Ular qayoqdandir eshitib qolishib, atay kelib tekshirib koʻrishdi.
— Eringiz koʻp icharmidilar?
— Yoʻ-oʻq, bunaqa ichmasdilar. Sinash uchun bir hoʻplam-bir hoʻplam ichardilar, xolos. Bunaqa ahvolda hech koʻrmaganman. Oʻzim ham qoʻrqib ketdim.
— Soat nechada kelgan edilar?
— Oʻn ikkilarda. Bunaqa kech yurmasdilar. Toʻyga borsalar ham vaqtli qaytardilar.
— Oʻzlari yurib keldilarmi?
— Bilmadim, — Nasiba oʻylandi. — Mashinada keldilar shekilli. Ha, avval mashina toʻxtadi. Keyin qoʻngʻiroq chalindi. Chiqsam, devorga suyanib oʻtiribdilar. Uyga zoʻrgʻa olib kirdim.
— Bular qaerdan keldi? — dedi Zohid stol ustidagi xaltachalarni koʻrsatib.
— Bilmadim... Bular kelishdi. Uyni tintishdi. Men anqayib turaverdim.

Zohid oʻrnidan turib, dahlizda chekayotgan Hamdamga yaqinlashdi.
— Tintuvga ruxsatnomangiz bor edimi? — dedi.

Hamdam kulib qoʻydi.
— Ruxsatnoma olguncha bular kutib oʻtirishmaydi. Tintib, topib qoʻyibmiz-ku?

Zohid uning ish uslubini bilardi: Hamdam hamisha shoshilib ishlardi. Ba’zan qonun-qoidalarga rioya ham qilmas edi. Javobdan boʻyin tovlayotgan jinoyatchining qorniga bexos musht tushirib qolishni yaxshi koʻrardi. Musht yegan odam bukchayib, ixranayotganida u xotirjam sigaret tutatardi. Zohidga uning bunday usulllari yoqmas edi. Lekin halolligi, jinoyatchiga beshafqat boʻlgani uchun uni hurmat qilardi.
— Giyohvandlarning surati bormi?

Hamdam koʻkrak choʻntagidan beshta surat chiqarib, ikkitasini ajratdi:
— Mana bular. Koʻrsatdim, tanimadi.
— Bu yerga qachon kelishgan ekan?
— Uch kun oldin.

Zohid suratni olib, iziga qaytdi.
— Mana bularga diqqat bilan qarang. Shoshilmang. Birontasi uyingizga kelganmi?

Ayol sinchiklab qarab, bosh chayqadi.
— Yaxshilab eslang. Balki birontasi uch kun oldin kelib eringizga uchrashgandir?
— Kelsa bilardim. Adasiga uchrashishlari mumkin emas. Uch kun oldin u kishi Yerevanda edilar.
— Qachon keldilar?
— Kecha ertalab kelib, choy-poy ichib keyin ishga ketdilar.
— Bu yerga notanish odamlar kelib turisharmidi, masalan, bir narsa soʻrabmi?
— Yoʻq, odam kam boʻladi uyimizda. U kishi doim ish bilan bandlar. Bekordan-bekorga gaplashib oʻtirishni yoqtirmaydilar.
— Musallas soʻrab kelishmaydimi?
— Qoʻni-qoʻshnilar chiqib turishadi.

Dahlizga oq xalatli ayol kirib, Hamdamga nimadir dedi. Hamdam ichkari kirib Zohidning qulogʻiga shivirladi:
— Qonidan qoradori topilgan.

Zohid oʻrnidan turib dahliz tomon boshladi.
— Giyohvand yigitlaringiz qaerda?
— Oʻzimizda.
— Yuring, ular bilan gaplashishim kerak.— Zohid shunday deb tashqariga yoʻnaldi.

Giyohvand yigitlardan birining pastki labi osilgan, koʻzlari chaqchaygan, ikkinchisining qarashlari sovuq, oʻng yuzida uzun tirtiq bor edi.
— Bilagingni koʻrsat, — dedi Zohid tirtiqqa.

U «shu ham ishmi?» deganday erinibgina kurtkasini yechib, koʻylagining yengini shimardi. Labi osilgan yigitning bilagida ham igna izlari bor edi. Ularning giyohvandligiga Zohidda shubha qolmadi.
— Kukunni qaerdan olardilaring? — deb soʻradi Zohid.
— Bratanga etganmiza, qayoqdan oganuvzani,— dedi labi osilgan yigit.
— Menga ham ayt.
— Lola koʻchasida... oʻn... yettinchi uyda turadigan Sharif aka degan kishi.
— Ikkoving birga borganmisan?
— Bir xil paytda man borardim, bir xil paytda u borardi, bir xil paytda ikkalavuza borardik.

Zohid hali Hamdamdan olgan suratlarni choʻntagidan chiqarib, uchtasini ajratib oldi-da, stol ustiga yoyib, labi osilganini chaqirdi.
— Qara, Sharif akang qaysi biri?

Yigit oʻrdakka oʻxshab lapanglab kelib suratlarga uzoq tikildi-da, bittasini koʻrsatdi.
— Joyingga oʻtir, — Zohid shunday deb suratlarning joyini almashtirdi-da, tirtiqni chaqirdi. U boshqa suratni koʻrsatdi.
— Oxirgi marta qachon boruvdilaring? — deb soʻradi Zohid.
— Uch kun boʻldi.
— Balki toʻrt kundir?
— Vey bratan, man oʻzim borganman. Soqqa yoʻgʻidi, qarzga bergan. Nishtyak odam u. Oʻzini laboratoriyasi bor. Ayn moment tayyorlab beradi.
— Laboratoriyasiga kirganmisan?
— Kirganman-de. Shundoq chap tomonda.
— Ayvondan oʻtgandami?
— Ha-de, bilib turib soʻruvrasizmi?

Zohid «bu yogʻiga nima deysiz?» deb Hamdamga qaradi.
— Ayvonning oldi rommi?

Labi osilgan yigit oʻylanib qoldi.
— Rom boʻlsa kerak, — dedi ikkilangan holda.
— Yolgʻon gapirma! — dedi Hamdam baqirib.
— Bratan, aldavotganim yoʻq.

Hamdam unga yaqinlashib, yoqasini changallab oʻrnidan turgʻizdi.
— Yolgʻon gapirma, xunasa, uyida boʻlmagansan. Ayvoni yoʻq uning.

Labi tirtiq birdan tutqanogʻi tutgan odamdek baqirib yubordi:
— Qoʻyvoring! Men kechasi borganman. Ayvoniga qarabmanmi, oʻzi zoʻrgʻa turuvdim.
— Borganmisan?!
— Ha, borganman!
— Uch kun oldinmi?
— Ha, uch kun oldin.
— Juda yaxshi! — Hamdam uni qoʻyib yubordi. — Menga shu kerak edi. Yozib qoʻying, oʻrtoq prokuror. Borganini tan oldi. Endi bilib qoʻylaring: uch kun oldin u uyida oʻldirilgan!

Ikkala yigit avvaliga «xato eshitmadikmi?» degandek qarab oldi. Soʻng xuddi kelishib olishganday Hamdamga baravariga dahshat bilan boqishdi.
— Yoʻq! — dedi tirtiq jon holatda.
— Nima yoʻq? — dedi Hamdam gʻolib kishining muloyim ovozida.
— Bormaganmiz.
— Oʻrtoq prokuror, bunisiga nima deysiz?
— Soqchini chaqiring, olib ketsin.

Giyohvandlar chiqib ketishgach, Hamdam divanga oʻtirib, oyoqlarini stol ustiga chalishtirib qoʻyib oldi.
— Hamdam aka, darrov topganingizdan ajablanmadingizmi? — dedi Zohid uning yoniga oʻtirib.
— Ajablanishga vaqt boʻlmadi. Ana endi oʻzing, mazza qilib ajablanaverasan. Men topdim. Sen tergayver. Operativ ishlaganim uchun okaxoning rahmatnoma e’lon qiladi menga.
— Yuvarkanmiz-da, — Zohid shunday deb yelkasiga asta urib qoʻydi. Keyin jiddiy ohangga koʻchdi: — Bularni kim ishga solgan boʻlishi mumkin?

Hamdam darrov javob bermadi.
— Vino zavodida nima gap ekan? — dedi u ma’nodor qilib.
— Men ham shuni oʻylab turibman.
— Oʻylasang oʻylagin-u, ammo vinzavodga osila koʻrma.
— Nimaga?
— Kimga qaraydi zavod, bilasanmi?
— Oziq-ovqat vazirligigami?

Hamdam kulib, tizzasiga shapati urdi.
— Ey, prokuror, koʻzingni och! Shuncha yil ugroda saqich chaynab yurgan ekansan-da, a? Vinzavod Asadbekning tasarrufida-ku?! Buni koʻchadagi mishiqi bola ham biladi, sen bilmaysanmi, qishloqi?

Zohid ham eshitgan bu gaplarni. Zavod direktori Asadbekning tavsiyasi bilan qoʻyiladi, hatto qorovul ham uning ruxsatisiz ishdan boʻsholmaydi, degan gaplar yuradi. Xalq ogʻzidagi mish-mishning qandaydir asoslari mavjud. Biroq, Asadbek haqidagi gaplar koʻpincha gʻirt yolgʻon boʻlib chiqadi. Zohid oʻtgan yili bunga ishondi: kutilmaganda bir gap tarqalib odamlar behalovat boʻlib qolishdi. Emishki, bir odamni qoʻshnisi mashinasida qaergadir olib borib qoʻyishi lozim ekan. Mashina aytilgan tomonga emas, boʻlak yoqqa burilibdi. «Nimaga bu tomonga burilding?» deb soʻrasa, mashina egasi «jim oʻtiravering, koʻrasiz» debdi. Xullas, mashina gadoy topmas koʻchalardan yurib, shahar tashqarisiga chiqibdi. Borib-borib yoʻl qamishzorga taqalibdi. Mashina egasi oʻtirib turing, deb gʻoyib boʻlibdi. Haligi odam qoʻrqib, mashinadan tushibdi. Qamishzor oralab qarasa, bir chuqurda allaqancha murdalar yotganmish. U «meni ham oʻldirib tashlashar ekan-da» deb oʻylab, oʻliklarni surib, tagiga tushib yotaveribdi. Bir oz vaqt oʻtgach, besh-oʻnta odam paydo boʻlib, uni qidirishibdi. Keyin «bizni aldadingmi, hali» deb mashina egasini doʻpposlashibdi. Tongga yaqin haligi odam oʻliklar orasidan chiqib qarasa, uzoqda bir chiroq miltillab turganmish. Borib qarasa, bir qozoq choʻponning uyi ekan. Qozoq uni uyiga olib kirib, yuvintirib, oʻzining toza kiyimlarini beribdi. Gapning qisqasi, oʻsha odamlar Asadbekka tegishli ekan. Shu vahima gaplar kuchaya borgach, tekshirib koʻrish Zohidga topshirildi. U bir hafta urinib, chuvalangan ipning uchini, oʻsha odamni topdi. U odam oʻn yetti yildan beri ruhiy xastaliklar shifoxonasida roʻyxatda turarkan. Zohid bir qarasa, uning gapi bama’ni, bir qarasa, gʻalati edi. U qoʻshnisini koʻrsatdi. Qoʻshni ajablandi. Ustiga-ustak uning mashinasi yoʻq. Haligi odam qamishzorni koʻrsataman, dedi. Zohid koʻndi. Qadimda «Xotinkoʻprik» deb atalgan joyga boshlab bordi. Qamishzor yoʻq. Hammayoq koʻpqavatli imorat edi. Haligi odam moʻltillab turib, soʻng yigʻlab yubordi. Zohid uni uyiga emas, shifoxonaga eltib qoʻydi.

Bu voqeaga bir yildan oshibdi. Zohid oʻsha odamning moʻltillab turishi, yigʻlab yuborishini oʻqtin-oʻqtin eslardi. Hozir vinzavod haqida gap chiqqanida yana yodiga tushdi. Yon daftariga «jinni odam, Xotinkoʻprik» deb yozib qoʻydi
— Demak, bu ish Asadbekka borib taqaladimi? — dedi u daftarchasini choʻntagiga solib.
— Boʻlishi mumkin, — dedi Hamdam. — Lekin bu ikki galvarsdan gap olaman, deb ovora boʻlma. Ular Asadbekni bilishmaydi. Sharif Namozov bilan suhbatlashsang koʻp narsa oydin boʻladi. Olimligi bor ekan. Bunaqa odamlar haqiqatparast boʻlishadi. Adolat qilaman, degan boʻlsa, qopqonga tushirishgan. Endi istasang-istamasang, qamoqqa olasan. Qoni tekshirilib giyohvand deb turilibdi. Uyidan kukunlar chiqdi. Yuz ming soʻmning nari-berisidagi mol-a! Yuz mingdan kechishibdimi, demak, ish katta.
— Agar siz aytganday Asadbekning yoʻliga toʻgʻanoq boʻlsa, osongina yoʻq qilishmasmidi?
— Maydaroq odam boʻlganida balki sen aytgan yoʻlni tutishardi. Namozov biron-bir masalada ochiqchasiga qarshi chiqqandir. Umuman... Yuz ming soʻm ularga tramvay pattasiday gap. Agar Namozovni qamoqqa olishga ruxsat bermasang, ertaga uyingga besh yuz ming tashlab ketishlari mumkin. Unda ham koʻnmasang...
— Oʻldiradimi?
— Yoʻq, oʻldirmasa kerak. Lekin yoʻlini topadi. Har holda ish Asadbekka borib taqalsa, u bilan oʻchakishma. Sendan zoʻrlar ham eplasha olmagan uni. Biz sen bilan komissar Katani boʻlolmaymiz. Lekin Asadbek advokat Teraziniga dars berishi mumkin. Senga maslahatim: Namozovni qamash kerak. Qamasang, uning jonini saqlab qolasan. Oʻylab koʻr.

2

Hamdamning taklifini oʻylab koʻrishga ulgurmay depara ichki ishlar boʻlimi boshligʻi kapitan Mirsultonov kirib keldi:
— Ot aylanib qozigʻini toparkan. Bizdan qutulib boʻpsiz! — u shunday deb Zohid bilan qoʻshqoʻllab koʻrishdi. — Yaxshi, yaxshi. Ishni oʻzimizdan boshlaganingiz, yaxshi boʻlibdi. Qiynalmaysiz. Mana, bu yoqda biz bor. Borib koʻrgandirsiz? Nima qilmoqchisiz?
— Hali tayin bir xulosaga kelganim yoʻq.
— Bu koʻp oʻylaydigan ish emas. Qamoqqa olish haqida sanktsiya beravering.

Zohid oʻzini quvnoq tutishga urinayotgan kapitanga qarab ajablandi. «Namozovni qamoqqa olishimga buncha qiziqib qoldi? Yana eski hammom, eski tos desangchi? Ashyoviy dalil bor, soxta guvohlar bor. Men qamoqqa olaman, u yoqda hakamlar yeng shimarib shay turishibdi. Necha yilga hukm qilishni yaxshi bilishadi. Restoranda mashshoqlarga uch soʻm berib istagan kuyni chaldirgani kabi pul tashlab istagan odamni istagan muddatga qamatish choʻt boʻlmay qoldi. Men adolat qilaman, desam, bular «ovora boʻlma, qoʻlingdan kelmaydi. Sen uch soʻmlik restoran mashshoqisan», deyishmoqchimi?» Zohid xayolidan shularni oʻtkazib, asabiylashdi. Hamdamdan sigaret soʻrab olib tutatdi. Boshliq stolni nogʻoraday chertib, javob kutardi.
— Toʻgʻri aytasiz, — dedi Zohid, unga sinovchan tikilib, — qamoqqa olish kerak. Ammo bu yerda emas, shahar turmasida oʻtira turadi. Haligi ikkita guvoh ham uch-toʻrt kun qamoqda oʻtirsa, ancha oʻziga kelib qoladi.

«Haligi ikkita guvoh» degan gapni eshitib, Mirsultonov sergaklandi:
— Guvohlarni... majburiy davolanishga yuborish kerak, — dedi u Zohidga.
— U yoqqa yuborish vaqti ham keladi. Avval tergovni tugatib olaylik.

Boshliq Zohiddan tayinli gap ololmasligini bilib, Hamdamga savol nazari bilan qaradi.
— Guvohlar soxtaga oʻxshaydi, — dedi Hamdam boshligʻiga. Keyin Zohidga yuzlandi. — Menga qara, prokuror, mijgʻovlik qilmay toʻgʻrisini aytib qoʻya qolmaysanmi, —u yana boshligʻiga qaradi. — Bu bola vinzavodni ham kavlashtirmoqchiga oʻxshaydi. Fe’lini bilasiz-ku?

Mirsultonov yana stolni chertdi.
— Yaxshi, yaxshi, — dedi u Zohidga qaramay. — Fe’lini bilaman, bu oʻjarning. Avval gapirsam, insofga chaqirsam amalidan ajrashdan qoʻrqadi, derdi. Endi amalidan koʻrqadigan boshligʻi boshqa, — u boshini koʻtarib Zohidga qaradi. — Bukirni goʻr toʻgʻirlarkan. Sen koʻzingni ochib yur. Bukir boʻlsang ham shu yorugʻ dunyoda yuraver. U yoqqa shoshilma. Senga «Choqsunla»ni aytib beribmidim? — boshliq kulimsiragan boʻldi. — Bir tajang uygʻur yigit sochini ustarada qirdirib yayrab kelayotgan ekan, qayoqdanam ari uchib kelibdiyu naq boshini chaqibdi. Yigit arining izidan yuguribdi. Yetib, qarasa, eski paxsa devor yorigʻida otning kallasiday keladigan in bormish. U shartta choʻp olib arining inini obdan kavlabdi, ari rosa toʻzigandan keyin yoriqqa boshini tutib, «Choqsunla emdi, odash!» degan ekan.

Odatda boshliq buni latifa ohangida aytib, miriqib kulardi. Bu safar xazil aralashtirmay, jiddiy turib aytdi.
— Sen oʻsha «Choqsunla»ga oʻxshaysan. Lekin sen arining emas, naq oʻlimning uyasini kavlashni niyat qilibsan. Joning tekinga kelgan boʻlsa ham qadamingni oʻylab bos. Bola-chaqang borligini esdan chiqarma. Meni qanday tushunsang tushunaver. Qoʻrqoq deysanmi, olchoq deysanmi — nima desang deyaver. Men osmondagi haqiqatdan yerdagi jonimni azizroq bilaman. Har kuni haqiqat, adolat deb javrayotganlarga ham jon shirin. Sen ularning gaplariga uchma. U haqiqat deb boshimizni aylantirib, bizni kushxonaga boshlaydi. Oʻzi qoʻngʻiroqli serka singari oʻtib ketadi. Pichoqqa senga oʻxshagan laqmalar duch keladi.

Zohid sobiq boshligʻining gaplarini toqat bilan eshitdi. Avvallari biron masala xususida gap talashguday boʻlsa, boshliq qoʻrs muomala qilar, siltab-siltab tashlardi. Hozirgi muomalasi, siniqroq ohangda, nasihat tarzida gapirishi Zohid uchun yangilik edi. Boshliqning asl qiyofasi qaysi — hozir jonli odamday kuyib gapirishimi yo avvalgi temir odamday tersligimi — Zohid farqlamay qoldi. U sobiq boshligʻiga «ha» ham, «yoʻq» ham demadi. Qishloqqa har borganida onasi ham shunday gaplarni koʻp aytardi. Oʻzingni oʻqqa-choʻqqa uraverma, deb iltijo qilardi. Onasi-ku unga kuyganidan aytardi. Boshliq-chi? Nahot, Zohidning taqdiriga u ham kuyinsa?

Zohid siz bilan biz kabi dunyodan adolat izlardi, haqiqat topmoq istardi. Uning nazarida haqiqat qaerdadir kul ostida yoki bir uyum axlat ostida yotgan haykalu uni topib, tozalab, tiklab qoʻysa olam guliston boʻladi. Mana shu kuchli istak uni yon atrofidagi odamlardan ruhan uzoqlashtirardi. «Izlab ovora boʻlma», deganlar u uchun ojiz maxluqqa aylanardi. Bu odamlardan fazilat izlashga harakat qilmayoq qoʻygan. Sobiq boshliqni ham shular qatoriga qoʻshgan edi. Boshliqning ham odam ekanini, ozgina boʻlsa-da, insoniy fazilatlardan bahramand ekanini oʻylamasdi. Sobiq boshliq uni yomon koʻrgani bilan taqdiriga befarq qarayolmas edi. Mana, oʻzingiz tasavvur qilib koʻring: siz ham kimnidir yomon koʻrasiz. Ha, ha, yashirmay boʻyningizga olavering. Barchani birday yaxshi koʻrish mumkin emas. Xullas, siz ham kimnidir yomon koʻrasiz. Lekin oʻsha odamni oʻldirib ketishsa achinmaysizmi? Achinasiz. Hatto uni yomon koʻrib yurganingiz uchun, salomiga alik olmay qoʻyganingiz uchun oʻzingizni la’natlaysiz. Agarchi bu fojiadan quvonsangiz, «oʻldirib ketishgani yaxshi boʻlibdi», desangiz, u holda siz odam emassiz. Shu oʻrinda «odam emassiz, hayvonsiz», desam qoʻpolligim uchun ranjiysiz. Ammo boshqa bir sabab bilan «hayvon» deya olmayman. Buni aytsam, oʻsha begunoh jonivorlarni haqoratlagan, balchiqqa bulgʻagan boʻlaman.

Chekinishni bas qilib, yana depara ichki ishlar boʻlimiga qaytaylik. Endi sizga Zohidning tuygʻusi qisman ma’lum. Sobiq boshligʻining gaplari u qulogʻidan kirib, bu qulogʻidan chiqmaydi. Bu gaplarni soʻnggi nafasda, jon taslim qilayotganida hali eslaydi...

3

Zohid ertalab idorasiga kirmay Sharif Namozov bilan gaplashish uchun shahar turmasiga keldi. Temir toʻsiqlardan oʻtib, tergov xonasiga kirdi. Besh-oʻn daqiqadan soʻng eshik ochilib, soqchi koʻrindi-da, mahbus olib kelinganini ma’lum qildi. Soʻng qoʻllarini orqasiga qilib olgan Namozov kirdi. Uning oyoqlariga kishan urilmagan, lekin qadam bosishi zanjirband mahbuslarnikiday ogʻir edi. Ozgʻin, siyrak sochlari toʻzgʻigan bu odamning dumaloq koʻzlari ich-ichiga botgan, qarashlarida esa kishining rahmini uygʻotuvchi iltijo zohir edi. Yelkasidagi dunyo yuki ogʻirlik qilayotganday bir oz bukchaygan. U yerga mahkamlangan qattiq kursiga oʻtirib, boshini xam qildi.

Zohid chekmasa ham yonida sigaret olib yurardi. Mahbusga bir necha nafas tikilib turgach, choʻntagidan sigaret chiqarib, unga uzatdi.
— Cheking.

Sharif indamay qoʻl uzatib, titroq barmoqlari bilan qutidan bitta sigaretni ajratib oldi. Zohid unga gugurt uzatdi. Sharif avval gugurtga, keyin Zohidga qaradi. Soʻng sigaretni stol ustiga qoʻydi.
— Uzr, chekmayman.

Chindan ham Sharif chekmas edi. Hozir nima uchun sigaretni olganini oʻzi ham bilmadi. Kayfi tarqagan boʻlsa ham u hanuz karaxt edi. Turmaga qanday qilib tushib qolganiga xayron, xayol uni turli koʻchalarga haydardi. Berk koʻchalarning biriga kirib, tentirab, undan chiqardi-da, soʻng yana boshqa berk koʻchaga roʻpara boʻlardi. Uning esida qolgani — boshqonga shartta-shartta gapirgani, «fosh qilish qoʻlimdan keladi!» deb katta ketgani. Boshqon «osmon qoʻlingda boʻlsa tashlab yuboraver», dedi. Sharif «endi boshqon bilan yuz koʻrmas boʻldim», deb oʻtirganida, peshinga yaqin xonasiga kirib keldi. Boshqon ishi boʻlsa uni xonasiga chaqirtirardi. Sharif uning kirib kelganini koʻrib «gapim jonidan oʻtibdi-da», deb oʻyladi. Lekin boshqon, uni hayron qoldirib, bir soat ilgari boʻlib oʻtgan noxush suhbatni eslamadi. Yo «sizdan oʻtganini men kechirdim, mendan oʻtganini siz kechiring» demadi. Kirdiyu:
— Yuring, ketdik, — dedi.
— Qayoqqa? — deb ajablandi Sharif.
— Sattornikiga, bugun otasining yigirmasi.

Sharif bir bahona topib, toʻyga bormasa bormasdi, ammo ma’rakalardan qolib boʻladimi? Shu bois indamay turib, boshqonga ergashdi. Boshqonning mashinasiga yana idoraning ikki xodimi oʻtirib, toʻrtovlon yoʻlga chiqishdi. Ma’raka boʻlayotgan koʻchani toʻplanib turgan behisob mashinalardan ham bilsa boʻlardi. Odamlar ham qator tizilishib, ichkari kirib osh yeb chiqish uchun navbatda turishardi. Toʻgʻri, ularning maqsadi qorinni toʻqlab ketish emas. Niyat — marhum ruhini eslash, xonadon egalariga hamdardlik bildirish. Shunday boʻlsa-da, Sharifga navbatda turish malol kelardi. U oʻzicha «obbo», yarim soat turarkanmizda», deb qoʻyib mashinadan tushdi-da, odamlar qatorida turib chetga chiqmoqchi edi, boshqon «bu yoqqa yuravering», deb hech qayoqqa qaramay toʻgʻriga yoʻl oldi. Sattor ularni koʻriboq peshvoz chiqib, qoʻshqoʻllab soʻrashdi-da, uyga boshladi. Katta hovlidagi barcha oʻrinlar band. Xizmatdagilarning qoʻli qoʻliga tegmaydi. Boshqon bilan kelganlarni alohida izzat bilan ichkariga, uyga boshlashdi. Keng, naqshinkor uyga ziyofatlardagiday dasturxon yasatigʻliq, tashqaridan eshitilib turgan tilovat ovozlari demasa, ziyofatga keldik, deb oʻylash ham mumkin edi. Boshqonning oʻzi, Sharifni hayron qoldirib, qiroat bilan qur’on tilovat qildi. Choy kirdi, non sindirildi. Sharif «endi osh kirar», deb oʻyladi. Ammo yana choy kirdi. Ikkala choynakni olgan idora xodimi boshqonga qaradi:
— Oqidanmi yo qizilidanmi, xoʻjayin?
— Oʻldirsa ham qizili oʻldirsin.

Sharif «ma’rakalarda ichilyapti», degan gapni eshitgan, ammo oʻzi bunga hali guvoh boʻlmagandi. Unga ham quyib uzatishgach, bir ijirgʻandi-yu, olmadi. U xudojoʻy emasdi. Boshqon kabi tilovat qilish ham qoʻlidan kelmas edi. Ammo bunday marosimda ichishdan hazar qilardi. Koʻkragida uygʻongan bir his nafrat uygʻotar edi. Hozir shu nafrat bilan boshqonga qaradi:
— Bu yogʻi oʻrischa boʻp ketdi-ku? — dedi.
— Olavering, gunohi mening boʻynimga, — dedi boshqon. Keyin qoʻshib qoʻydi: — Niyat bilan olsa gunohi yoʻq. Buning kayfi harom, oʻzi halol. Uzumning suvini shu paytgacha birov harom demagan. Sattor «otamning joyi jannatda boʻlsin», deb niyat qilib dasturxon yozgan. Kimda-kim shu niyatiga yetmasin desa, mayli, olmasin.

Sharif shu gapdan keyin ham ichmadi. Keyin shunga oʻxshagan gap yana qaytarilgach, uni ham shayton yoʻldan urdi. Goʻyo uning aybi bilan marhum doʻzax olovida qovurilayotgandek tuyulib, bir-ikki xoʻplam ichdi. Keyin esa... Soʻng bu «ma’raka»dan chiqib, kimnikigadir ziyofatga kirishdi. Gapdan gap chiqdi. Boshqonga nimadir otgani esida. Keyin... oʻzini qamoqda koʻrib «bitta-yarimtani oʻldirib qoʻymadimmi», deb ham oʻyladi.

Hozir tergovchi uzatgan sigaretni olganida shu dahshat iskanjasida oʻtirgan edi. Shu talvasaga bandi boʻlib, sigaretga qoʻl uzatganini oʻzi ham sezmadi
— Men Zohid Sharipovman. Shahar prokuraturasining tergovchisiman. Aybingizni bilasizmi? — dedi Zohid unga tikilib.
— Yoʻ-oʻq... — Sharif Namozov oʻzining ovozini oʻzi bazoʻr eshitdi.
— Siz qoradorifurushlikda ayblanyapsiz. Uyingizdan katta miqdorda qoradori kukuni topilgan. Portfelingizdan ham. Xaltachalarda barmoq izlaringiz bor.
— Nima dedingiz? Qoradori... furushlik? Mening uyimdan... Portfelimdan... — Namozov Zohiddan «adashibman, gunohingiz boshqa» degan gapni kutib, ilinj bilan tikildi. — Siz... adashmayapsizmi? Gunohim boshqadir?
— Yana qanday gunohingiz boʻlishi mumkin?
— Gunohimmi? — Namozov daf’atan javob berolmay chaynaldi. — Masalan... birovni urgandirman... Kayfda boʻladi-ku?
— Birovni urgan boʻlsangiz, bu ish bilan shahar prokuraturasi shugʻullanmas edi. Adashganimiz yoʻq.

Namozov yengil tin oldi. Yelkasidan togʻ agʻdarilganday boʻldi. Zohid undagi oʻzgarishni sezdi. U Namozov aybnomani darrov rad etadi, isbot talab qiladi, deb oʻylagan edi. Indamay oʻtirishiga qarab, «boʻyniga oldimi», deb taajjublandi.
— Nimaga indamayapsiz?
— Men... ochigʻini aytsam, odam oʻldirib qoʻyibmanmi, deb qoʻrquvdim.
— Qoradorifurushlikni yengilroq jinoyat deb oʻylayapsizmi?
— Sizning tilingizda yengilmi yo ogʻirmi, bilmayman. Balki unisi uchun ham, bunisi uchun ham otarsizlar. Lekin men uchun odam oʻldirib otildi, degan nomus yomon.
— Qoradori oʻnlab yosh jonlarni halok qiladi. Bunisiga nima deysiz?
— Nima derdim, bunga qoradori sotadiganlar javob beraversin.
— Siz-chi?
— Umrimda qilmaganman bunaqa ishni.
— Oʻzingiz ham iste’mol qilmaganmisiz?
— Nimani? Qoradorinimi? — Namozov bosh chayqadi.
— Qoningiz tekshirilganda tarkibida qoradori topilgan. Siz faqat aroqdan emas, qoradoridan ham mast edingiz.
— Yolgʻon.
— Sizga sudmedekspertiza xulosasini koʻrsatamiz. Hozir esa... bilagingizga qarang.

Namozov shoshilib pidjagini yechdi-da, yengini shimarib bilagiga qaradi. Yoʻgʻon tomir ustida bilinar-bilinmas igna izini koʻrib, Zohidga dahshat nazari bilan qaradi. Uning yumaloq koʻzlari yanada kattalashganday boʻldi.
— Tamom! — dedi u titroq ovozda.
— Nima tamom! — dedi Zohid tushunmagan odamday.

Namozov boshini egib, xuddi oʻzi bilan oʻzi gaplashayotganday dedi:
— Men ajal bilan oʻynashgan ekanman... — u boshini koʻtarib Zohidga qaradi. — Mening boʻlarim boʻpti. Bola-chaqam omonmi, faqat toʻgʻrisini ayting.
— Xotiningizni koʻrdim. Bolalaringizni...
— Bolalarim oyimnikida edi.
— Siz kimdan qoʻrqyapsiz?
— Kimdan qoʻrqyapsiz? Men qoʻrqmayman. Qoʻrqqanimda bu yerda oʻtirmas edim...

Zohid qalin daftar ochib, taomilga koʻra Namozovni soʻroq qila boshladi. Ism-sharifini, tugʻilgan yili, kunini soʻradi. Namozov savollarga qisqa, sovuq ohangda javob berar edi.
— Qoradorini sizga kim yetkazib berar edi? — deb soʻradi Zohid asosiy maqsadga koʻchib.
— Tanimayman, — dedi Namozov gap ohangini oʻzgartirmay. U qamoqqa kimning istagi bilan kelib qolganini anglagan, puxta oʻylangan tuzoqqa tushganini fahmlagan edi. Tuzoqdan qanday qutulishni bilmas edi. Tergovchi ham balki ularning odamidir, degan oʻy uni nochor ahvolga solib qoʻygan, na ochiq gaplashishni, na oʻzini goʻllikka solishni bilardi. Qisqa muddat ichida tanlanishi mumkin boʻlgan yagona yoʻl — «bilmayman» deb turish. Zohid uning tutgan yoʻlini koʻra bildi. Shuning uchun arqonni uzun tashlab, soʻroqni davom ettirdi:
— Mijozlaringizni ayting?
— Tanimayman.
— Qanchadan olib, qanchadan pullardingiz?
— Kilosinimi?
— Aytaylik, kilosini?

Namozov oʻylandi. Oʻzicha chamaladi.
— Ming soʻmdan olib, bir yarim mingdan sotardim.
— Demak, kilosidan besh yuzdan qolarkan-da?
— Ha, shunaqa.
— Koʻpdan beri sotarmidingiz?
— Koʻpdan... uch-toʻrt yil boʻldi.
— Pulni nima qilardingiz?
— Pulnimi? Yeb-ichib...
— Meni laqillatmoqchimisiz?
— Savollaringizga toʻgʻri javob beryapman-ku?
— Qoradorining kilosi ming soʻm ekanmi? Qaysi ahmoq ishonadi bu gapga? Siz ilmdan boshqa narsalarga ham hech aralashganmisiz?

Namozov «ilm» degan soʻzni eshitib, xuddi «daftarim uyda qolibdi», deb yolgʻon gapirib qoʻyib uyalgan boladek boshini egdi.
— Yolgʻonni eplagan odam gapirishi kerak, — dedi Zohid achchiqlanib.

«Toʻgʻri, — deb oʻyladi Namozov, — bunga ham iste’dod lozim. Men hatto oddiy yolgʻonni ham eplay olmayman. Yolgʻondan qulluq qilsam, yolgʻondan jilmayib qoʻysam... allaqachon akademik boʻlib ketarmidim... Nasiba «bunchayam noshudsiz-a», deb toʻgʻri aytadi...»
— Menga toʻgʻri gapni ayting. Men qoradorifurushligingizga ishonmayman. Agar «yoʻq, chindan ham qoradori sotardim», desangiz, qani, meni ishontiring-chi?

Sharif qotmadan kelgan, qoracha bu yigitga ajablanib qarab, bazoʻr kulimsiradi.
— Ishontiring, deysizmi? Men jinoyatchi ekanimga sizni ishontirishim kerakmi? Qiziq-ku?
— Ha, qiziq. Aslida men sizni ishontirib, aybingizni boʻyningizga qoʻyib, qamatishim kerak.
— Ayblayvering. Men tonmayman. Boshga tushganni koʻz koʻrar ekan. Bir-ikki yil oʻtadi-ketadi. U dunyodan hali hech kim qaytmagan. Qamoqdan esa eson-omon qutulib chiqish mumkin.
— Bir-ikki yil deng?.. — Zohid oʻrnidan turdi-da, stolni aylanib oʻtib, mahbusning qarshisida toʻxtadi. Namozov «urmoqchimi?» degan xavotir bilan qarab, turmoqchi boʻldi. Zohid uni yelkasiga qoʻlini qoʻyib, «jilmang» degan ishora qildi. — Bir-ikki yil emas, sayru sayohat uzoqroq davom etsa kerak.
— Oʻn yil boʻlmaydimi, menga desa.

Zohid achchiqlanib, mahbusni ikki yelkasidan mahkam ushlab bir-ikki siltadi.
— Siz men bilan oldi-sotti qilmang. Boʻladigan gapni ayting, kimdan qoʻrqyapsiz?

Sharif uning koʻziga qarab oldi. Yaqindagina muloyim boqib turgan, ishonch uygʻotishi mumkin boʻlgan nigohda jahl uchqunlarini koʻrib «Endi doʻpposlaydi», deb oʻyladi. Boshini egib, gardaniga musht tushishini kutdi. Hatto gardani toshday qotib, zirillay boshladi. Musht tushsa, ogʻriq tarqab, yengil tortadiganday tuyulib, «ursa uraqolmaydimi» deb oʻyladi. «Keyin kaltakdan odam oʻlmaydi. Odam qatoriga kirib kaltak yesam yebman-da. Bola boʻlib birov bilan mushtlashmabman, birovdan tuzukroq kaltak yemabman. Ana endi, dongʻim chet elga chiqib turganida bir befarosat savalasa. Lissabonda hozir mening ta’rifimni keltirib maqtashayotgandir. Bu yerda kaltak yeyayotganimni tasavvur ham qilishmasa kerak...»

Sharif kutganday musht tushmadi. Zohid uni qoʻyib yuborib, joyiga qaytdi.
— Siz olim odam ekansiz. Agar zavodda oddiy xizmatchi yoki oddiy ishchi boʻlsangiz, nimadan qoʻrqayotganingizga tushunib yetardim. Birga oʻgʻirlik qilgan sheriklaridan choʻchiyapti, derdim. Hozir joyingizga qaytib, oʻylang.

Eshik ochilib, soqchi kirdi. Mahbus tomon ikki qadam qoʻydi.
— Tur, — dedi sovuq ohangda. Sharif turdi. — Qoʻlingni orqaga qil.

Sharif itoat etib, buyruqni bajardi.

«Joyingizga borib, oʻylang» emish, — deb fikr qildi u, qamoqxonaning uzun dahlizidan borar

ekan. — Endi bu yer mening joyim boʻlib qoldimi? Mening joyim... Yomon emas. Lahadga nisbatan shu yer tuzuk. Bolalarim omon boʻlsa bas. «Katta miqdorda qoradori topildi», deydi. Katta miqdori qancha? Oʻn ming soʻmlikmi? Yo koʻproqmi? Shuncha qoradorini uyimga tashlab qoʻygan boʻlsa, bu tergovchilariga ham sarf-xarajat qilishgandir? Agar bu bolaga ham besh-oʻn ming soʻm berilgan boʻlsa, umumiy hisobda... narxim chakki emas ekan-da? Oʻn besh, yigirma ming soʻmlik odam ekanman-da? Ba’zi birovlarni sariq chaqaga ham olishmaydi. Menga shuncha pul sarflashibdi. Boyvachchalar birovni qamoqdan chiqarish uchun pul sochishardi. Menga kelganda qamoqqa tiqish uchun sarflashdi. Oʻn besh, yigirma ming ularga pulmi? Bir kunda chiqarib olishadi. Men ularga yoqmay qolgan ekanman, shuncha ovora boʻlib, nayrang ishlatib, pul ketkazib yurmay, shartta oʻldirib yubora qolishsa yaxshi emasmidi?

Yo oʻldirish qimmatroq tusharmidi? Be, uch-toʻrt yuz soʻm bilan tinchitishardi. Bitta alkashni yoki giyohvandni ishga solishsa tamom-da. Lekin qon toʻkkilari kelmabdi. Nimaga? Insof qilishdimi? Insofni qayoqdan olishdi? Yo qoʻrqishdimi? Kelib-kelib mendan qoʻrqishadimi? Yo mening burnimni yerga ishqab, mulla qilishmoqchi boʻlishdimi? «Mulla» boʻlgan taqdirimda ular nima naf koʻrishadi? Baribir endi oʻsha zavodga qaytib bormayman-ku?»
— Toʻxta, devorga yuzlanib tur.

To shu buyruq yangraguncha, kamera eshigi taraqlab ochilguncha mana shu xayollar Sharifga hamroh boʻldi.

4

Zohid mahbus chiqib ketganidan keyin ham bir necha fursat oʻrnidan qoʻzgʻalmadi. Prokuratura tergovchisi bilan jinoyat qidiruv inspektorining ishida katta farq borligini mana shu birinchi qadamidayoq aniq his qildi. Uning nazarida prokuraturadagi ish osonroq tuyulardi. Prokuratura xodimlari uning koʻziga loqayd toʻralar sifatida koʻrinardi. Uning avvalgi ishi jinoyat iziga tushish, jinoyatchini ushlashdan iborat edi. Qolganini jinoyatning katta-kichigiga qarab yo shahar, yo depara prokuraturasiga oʻtkazilardi. Tergovchilar savol-javob qilib ishni sudga oshirishardi. Endi esa sobiq hamkasbi — jinoyat qidiruv inspektori ushlab bergan jinoyatchining taqdiri uning qoʻlida. Birinchi jinoyatchi — olim. Yaqindagina olimlik shohsupasi tomon dadil borayotgan, akasi oʻlimidan soʻng shartta burilib, boshqa yoʻlga oʻtgan, dam-badam olimlik koʻchalarida xayolan sarsari kezuvchi yigit yangi ishda ilm odamiga yoʻliqib tursa! Taqdir uni sinamoqchimi?

Zohid yuragi siqilib, daftarga formulalarni beixtiyor yoza boshladi. Uning odati shu — yuragi siqilsa, kalavaning uchini yoʻqotib, garang boʻlsa, beixtiyor ravishda formulalar yozib, yechib chiqara boshlardi. Yod boʻlib ketgan Eynshteyn nazariyalari yoki hisob olamining yechimi mushkul raqamlari daftar sahifalarini toʻldirardi.

U huquq sohasiga buyuk umid bilan oʻtgan edi. Adolat tiklamoqni istab edi. Bir dehqonning bolasiga hayotda nima kerak? Kunda bir kosa ovqatga qorni toʻygan, ovqat boʻlmagan taqdirda non-choyga qanoat qilgan, egnidagi kiyimining yengi to tirsagiga kelib, kalta boʻlib qolgunicha yangisini koʻrmay oʻsgan bola podsholik taxtini talab qilarmidi? Otasining yonida ketmoniga sigʻinib yashagan, rais buva marhamat etgan damda maktabda oʻqib, boshqa payt dalada kesak yalagan bola dunyoga taniluvchi olim boʻlish orzusida yurarmidi? Qarangki, shunday boʻlishi mumkin ekan. Akasi shahardagi oliy oʻqishga kirganida Zohid toʻqqizinchi sinfda edi. Bir tomondan akasiga havas qilib, yana bir tomondan riyoziyot muallimi qiziqtirib oʻqishlari birmuncha yaxshilanib, oqibatda oltin nishonga da’vogar boʻlib qoldi. Dunyoning ajabtovurligini qarang-ki, suvchining oʻgʻli shunday e’tiborga, ya’ni, da’vogarlikka loyiq ekan. Ammo palovning masalligʻi bilan shavla pishirish mumkin boʻlganidek, a’lochi bola oltin nishon olavermaydi. Palovni damlayotganda bir piyola suvni me’yoridan koʻproq quyib yuborsangiz, qoʻlbola shavla yeysiz, oʻquv davomida mingta «besh» olib, bittagina «toʻrt»ga ilinsangiz, oltin nishonni tushingizda koʻrib, a’lochi bola sifatida maktabdan uchirma boʻlasiz. Albatta, bilim bergan muallimlaringizga mingdan-ming rahmatlar aytishni unutmaysiz.

Sizni bilmayman-u, ammo Zohidning boshiga shunday savdo tushgan. Peshonasiga «jamiyatshunoslik» degan fandan bitta «toʻrt» olish yozilgan ekan, nima qilsin bechora. Riyoziyot muallimi bir yondan, akasi bir yondan targʻib qilib, uni Maskovdagi oliy oʻqishga borishga koʻndirishdi. Shu munosabat bilan otasi bitta sigirni sotadigan boʻldi. «Ikkita sigirni boqish azobidan qutulaman. Bir oilaga bitta sigir yetadi-da, kuzga borib tugʻib bersa, yana ikkita-da...» dedi otasi. Otasi koʻp alomat odam-da. Xudo uni yaratishga yaratib, soʻng unutib qoʻyganmi, har holda shundaygina yaralganicha qolavergan — ustomonlik, hiyla, makr, yolgʻon degan ne’matlardan bebahra yuravergan. Yoʻqsa, bitta sigirning puli bilan oʻgʻlim katta oʻqishga kirib, katta odam boʻlib ketadi, deb oʻylarmidi. Televizorni dastlab koʻrgan mahalda gʻuncha labli qizga koʻz qisib, imlab qoʻyib bir hafta oʻzicha xursand boʻlib yurgan odamning oʻgʻli voyaga yetib Maskovday joyda oʻqir ekanu sigirdan voz kechishi nima ekan?..

Ham tijorat, ham sayohat deganlariday, riyoziyot muallimi ham borgan edi Maskovga. Yozma imtihondan «uch» olgach, tarvuzlari qoʻltiqlaridan tushdi. Zohid masalani yod qilib olgan edi, muallimiga yozib koʻrsatdi — toʻgʻri chiqdi. Muallim imtihon oluvchilar bilan bahslashdi. Foyda bermadi. Ogʻzaki imtihonni «toʻrt» bahoga topshirib, rus tilidan «ikki» oldiyu «sigirning joni shularga xudoyi boʻldi-da», deb qaytishdi. Ular «Toshkent oʻqishxonalarida poraxoʻrlik kuchli, Maskovda insof bor», degan umidni, oʻyni oʻsha yoqning oʻziga koʻmib kelaverishdi. Zohid ketmonni yelkasiga tashlab, otasi bilan dalaga chiqdi.

Kolxozda oʻn besh kun ozodlik e’lon qilinib, kuniga toʻrt-beshtadan toʻy oʻtayotgan kunlarda qishloqqa tepakal bir oʻris jingalak sochlari oqarib ketgan bir oʻzbek bilan birga kelib, Zohidni surishtirdi. Zohid uni tanidi: Maskovda ogʻzaki imtihonni shu odamga topshirgan edi. Uning muallim ekanini bilardi, biroq, riyoziyot boʻyicha yetuk mutaxassis ekanidan bexabar edi. Jingalak sochlari oqargan oʻzbekni esa Zohid tanimadi.
— Yozma imtihondagi masalani men tuzgan edim. Uning ikkita yechimi bor edi. Sen yechimning uchinchi yoʻlini topgan ekansan. Keyin fikrlasam, sen topgan yoʻl ma’qulroq ekan. Sen kelgusi yili Moskvaga albatta borishing kerak. Mana, Habib Sattorovich sendan xabar olib turadilar. Bu kishi mening shogirdim. Sen menga kenja shogird boʻlasan.

Zohid bundan behad xursand edi. Goʻyo oliy bilimgohni bitirib kelganday quvongandi. Biroq, muallimi tushmagur ishni buzdi.
— Zohid endi Maskovga bormaydi, oʻrtoq professor. Bilimgohingizda Oʻzbekiston uchun nechta oʻrin ajratilgan? — deb soʻradi. — Bittami? Bu yil kim kirdi? Sizga yolgʻon, menga chin — ministrning oʻgʻli kirdi. Karra jadvalni biladimi yo yoʻqmi, menga qorongʻi. Lekin u imtihonlarni «besh»ga topshirdi. Siz tuzgan masalani ham zoʻr qilib yechib bergandir. Oʻzbekistonda ministr deganlari koʻp, ularning bolalari koʻp. Har yili bittadan sigir sotishga bizning qurbimiz yetmaydi. Kambagʻalning bolasi qadimda ham oʻqiyolmagan, hozir ham oʻqiyolmaydi. Katta olimlar, katta odamlar tarjimai holida kambagʻaldan chiqqanman, yetimxonada oʻsganman, deb yozishadi. Bari yolgʻon! Hammasi boyning bolalari. Hammasi otasining oltinlari tufayli oʻqib odam boʻlgan!

Muallimning bu gaplari Zohidning otasiga ma’qul kelib, «oʻgʻlim Maskovda oʻqisin» degan umididan voz kechdi.

Ketmonini tinchgina chopib yurganida, kelgusi yoz boshlarida Habib Sattorovich degan odam yana kelib, eski gapni qoʻzgʻadi. Uzoq davom etgan muzokaralardan soʻng tomonlar sulhga kelishdilar — Zohid Maskovda emas, Toshkentda oʻqishga rozi boʻldi. «Mayli, oliy ma’lumotni Toshkentda olsin, biroq, aspiranturani albatta Moskvada oʻqiydi», dedi Habib Sattorovich. Oʻqishning ikkinchi yiliyoq, Zohid olimlar nazariga tushdi. Uning imkoniyatlari, kelajagi haqida umidli gaplar boshlangandi. Biroq, akasining oʻlimi, tergovchilar, hakamlarning nomardligi barcha imkoniyatu umidni parchalab tashladi. Zohidning yelkasiga bir shayton minib olib «bu oʻqishni tashlaysan, huquq ilmini olasan, bu ablahlarga qarshi kurashasan, adolatni tiklaysan, bechoralarga suyanchiq boʻlasan», deb mingʻirlayverdi. Zohid bu gaplarga koʻndi. Toʻngʻich oʻgʻli dardida qaddi bukilgan otaga ham shu fikr ma’qul keldi.

Mana, oradan yillar oʻtib, riyoziyotchilar umid bilan qaragan yigit shahar turmasining soʻroqxonasida yolgʻiz oʻtirib, raqamlarga raqamlar ulayapti: qoʻshuv, boʻluv, oluv, soʻng ildiz ostidagi raqamlar... Bularni yechish unga choʻt emas. Ammo adolat formulasiga tishi oʻtmayapti. Ne-ne allomayu donishmandlar yecha olmagan masalaga uning qurbi yetarmikin?

III bob

1

Shahar markazidagi e’tiborli idoraning yertoʻlasida videobar ochishdi. Yertoʻlaga imoratning biqinidan tushiladi. U ochilmasidan ilgari yertoʻlada idoraning eski-tuskilari saqlanardi. Ikki yil muqaddam idora yertoʻlani ta’mirlash uchun katta miqdorda mablagʻ ajratdi. Ayrim mahkamalar eshiklarini boʻyatish uchun pul topolmay sarson yurganida bu idoraga ikki yuz ming soʻm ajratilishi hukumatning xotamtoyligimi yoinki idoraning erkaligimi, bilib boʻlmadi. Qayta qurish degan narsa bilan bogʻliq voqealar shunchalar shiddatli edi-ki, «xalq arang tirikchilik qilayotganida yertoʻlani ta’mirlashga balo bormi» deydigan odam topilmadi. Zimdan qaraganda xalq gʻamini chekib yuruvchi bu idora xodimlari ham goʻyo oyoqlari ostida nimalar sodir boʻlayotganidan bexabar edilar. Yertoʻla ta’mir etilib, Asadbek ixtiyoriga oʻtgach ham «xalq fidoyilari»da ajablanish uygʻotmadi. Ular olamshumul ishlar bilan — xalqqa ozodlik berish oʻyi bilan band edilar. Oyoqlari ostida nimalar boʻlayotgani esa ularni qiziqtirmasdi.

Asadbekning qarorgohi uchun joy lozim ekan, tuzukroq imoratga qahat kelibdimi? Ayniqsa idoralar soni qisqarayotgan damda biron imoratni ijaraga olishdan osonroq ish yoʻq. Shahar ijroqoʻmining rahbarlaridan biri bu yumush bilan shaxsan shugʻullanib, Asadbekning yangi idorasi uchun koʻp joylarni tavsiya etdi. Asadbek barcha qulayliklarga ega imoratlardan voz kechib, shu yertoʻlani tanladi. Yertoʻlaga imorat ichidan yoʻl bor edi. Asadbek ixtiyori bilan imorat biqini kavlanib, zinapoya qilindi, qalin poydevor teshilib, eshik ochildi. Yertoʻlaga ikki tomondan kirib-chiqish imkoni tugʻildi — shunisi bexavotirroqda. Davlat ajratgan ikki yuz ming soʻm bilan bir ishning uddasidan chiqish mushkul. Asadbekning besh yuz ming soʻmi xarob yertoʻlani oʻn ikki xonalik shinam saroychaga aylantirdi. Uning bir xonasi videobar, qolganlari ish yuritishga, hordiq chiqarishga moʻljallangan edi. Maishatxona, hatto hammom ham nazardan chetda qolmadi.

Yuqorida xalqparvarlar majlisdan boʻshamay tomoq yirtishadi. Pastda esa Asadbek oʻz ishini yuritadi. Hammaning nazari yuqorida. Past bilan birovning ishi yoʻq. Videobarda choy, qahva, sharbatdan boʻlak ichimlik yoʻq. Ochilganidan beri biron marta ham xorij filmini koʻrsatmadi. Bisotida uch-toʻrt multfilm, eski hind filmlari, Sheralining, Gʻulomning kontsertlari... Bu yerga kunda beshta odam kirsa kiradi, boʻlmasa yoʻq. Bular — kunduzning manzarasi.

Tunda videobar oʻzgacha manzara kasb etadi. Soat oʻn birlarga yaqin imorat oldida ikkita militsioner paydo boʻladi. Soʻng oppoq «Volga»lar bir daqiqaga toʻxtab oʻtishadi. Undan tushgan sipo odamlar atrofga alanglab olib, yertoʻlaga shoʻngʻishadi. Majlislardan xorigan xalqparvarlarning yetakchilari koʻcha tomondan emas, ichkaridagi zinadan tushib boradilar. Tun hukmi zaptiga olganida oq «Volga»lar yana birin-sirin paydo boʻladiyu egalarini olib joʻnaydi. Shundan keyin militsionerlar ham gʻoyib boʻlishadi. Tongga yaqin usti berk yuk mashinasi idora orqasidagi darvozadan hovliga kiradi. Boʻsh shishalarni ortib joʻnaydi. Uning izidan «RAF» kelib toʻxtaydi. Biri biridan shirin qizlar mashinaga ildam chiqib oʻtirishadi. Soatga qaragan kishi yuk mashinasining uch, «RAF»ning bir daqiqada ish bitirib joʻnaganiga guvoh boʻladi.

Idorada qorovullik qiluvchi yosh, chapdast yigitlar barcha ishni vaqtida, aniq bajarilishini ta’minlaydilar. Qayta qurish sharofati bilan barcha idoralardagi keksa xodimlar oʻrnini iqtidorli yoshlar egallaganidek, pensiya puli tirikchiligiga yetmay, shu qorovullik maoshiga koʻz tikuvchi qariyalar tantana bilan kuzatilib, ular oʻrniga togʻni bexosdan urib talqon qilib yubormasliklari uchun kamtarinroq ishni istagan yigitlarni olishdi. Bu yigitlar idoraga kiruvchi har bir kimsaga salom berguchi, bagʻoyat odobli ham edilar.

Asadbek har uch yilda qarorgohini oʻzgartirardi. Dastlab guruhboshi boʻlib ish boshlaganida Eski Joʻvadagi pastqam uyni ijaraga olgan edi. Vassajuft, qorasuvoq uyda tuni bilan aroq ichib, chekib chiqilardi. Lekin ertasiga bu uyga kirgan odamning dimogʻiga qoʻlansa hid urilmasdi. Shuning uchun ham Asadbek oʻsha dastlabki qarorgohini koʻproq yoqtirardi. Oradan yillar oʻtib, qarorgohlarini koʻp oʻzgartirdi. Mana bu yangisi xon saroyidek bezaldi. Lekin koʻngil qurgʻur baribir oʻsha qorasuvoq uyni qoʻmsab qoladi.

2

Yangi yil kutish bahonasida tunni bedor oʻtkazgan shahar tongni koʻzda uyqu bilan kutib oldi. Kimdir tuni bilan televizor koʻrib, kimdir ulfatlari bilan toʻyib ichib, kimdir jononlar bilan toʻyib maishat qilib, endi hordiq chiqarar edi. Bunday bayramlar Asadbekning odamlari uchun harom, u bayram kunlari yayrashni, maishat qilishni qat’iyan ta’qiqlaydi. Uning nazarida aynan shunday kunda qopqonga tushib qolish mumkin. Odamlari bunga koʻnikib ketgan. Asadbek vaziyat va imkoniyatga qarab e’lon qilgan bayram kunlari yayrab olishadi.

Yangi yilning birinchi kuni shahar uyqudan turmay, videobar eshiklarini ochdi. Boshqa kunlardan farqli oʻlaroq, bu tun videobar ishlamadi. Oq «Volga»lar ham toʻxtab oʻtmadi.

Videobar ogʻasi, chaqchaygan koʻzlaridan biron-bir ma’no uqish mushkul boʻlgan, qalin moʻylovi turtib chiqqan tumshugʻiga husn berish oʻrniga battar xunuklashtirgan barzangi yigit xorijning qizil duxoba qoplangan yumshoq kursisiga yastanib olgan edi. U goʻyo teleekrandagi multfilmni tomosha qilar, xayoli esa yon kursida oʻtirgan, bashang kiyingan, koʻzlarida sarosima suzayotgan odamda — vino zavodi boshqoni Qilich Sulaymonovda edi.

Boshqon sahar chogʻi videobar eshigi ochilishi bilan paydo boʻldi. Videobar ogʻasi ham, peshtaxtani artayotgan xushbichim qiz ham unga «nima uchun keldingiz?» demadi. Oʻn sakkizni qoralagan xushbichim qiz vazifasini aniq biladi: choy, qahva qaynatish, kelgan-ketganlarga e’tibor bermaslik, videobar egasi imo qilgan odamga qarab shirin jilmayib qoʻyish. Videobar ogʻasi ham vazifasini aniq biladi: salom-alikni joyiga qoʻyish, kelgan odamlarning, tanishmi yo notanishmi baribir, harakatini sinchiklab kuzatish, ortiqcha gaplashmaslik, savol bermaslik. Ana shu vazifasiga amal qilgani uchun ham, Qilichni yaxshi tanisa-da, salom-alikdan nariga oʻtmadi. Soʻfi tahorat qilishga ulgurmay bu odam yetib kelibdimi, demak, sababi bor. Demak, a’yonlar, soʻng xoʻjayin ham keladilar. U ichkarini tayyorlab qoʻygan. Bundan koʻngli toʻq. Videobar yangi yil kechasida tashqaridan zulfinlanganday koʻrinsa-da, ichkarida harakat toʻxtamagan edi. Toʻrtta telefon qoʻyilgan xonadagi ikki qiz, peshtaxta ortidagi xushbichim qiz goʻyo xuru gʻilmon singari videobar egasiga bir kechalik jannatni berishgan, bazm qurishgan edi. Tongga yaqin bazm eng shirin yerida barham topgan, xonalar sarishta qilib qoʻyilgan edi. Bazm isi xoʻjayin dimogʻiga yetib borsa, qay kunlarga tushishlarini bilishsa-da, bu tun shayton yoʻrigʻidan chiqisholmagandi. Ularga birov kelib «bu gunohingiz yaratganga ma’qulmas, endi jazolaydi», desa «tavba qilamiz, xudo kechiradi», deyishlari mumkin. Ammo «Asadbek bu ishingizdan xabar topdi» desa, yuraklari yorilib oʻlishlari hech gap emas. Chunki Asadbekning kechirmasligini barchalari bilishadi. Bila turib oʻzlarini tiyisholmadi. Nima qilishsin, tirik jon...

Qilich ikkinchi piyoladagi choyni ichib ulgurmay eshik ochilib, jussasi kichik, eti ustixoniga yopishgan, qaldirgʻoch moʻylabi oʻziga yarashgan odam koʻrindi. Bu odamni yaxshilab tanib oling: Haydar Asrorov, laqabi Kesak polvon. Asadbekning oʻng qoʻl a’yoni. Ozgʻin, chayir boʻlgani uchun Kesak polvon, deb atashgandir, desangiz yanglishasiz. Har bir jamoaning ichki tartibi, rasm-rusumi boʻlganidek, bu olamning ham oʻziga yarasha qonun-qoidasi bor. Shulardan biri — bu olamga qadam qoʻygan har bir tirik jonga laqab beriladi. Laqab osmondan olinmaydi, balki xatti-harakati, fe’liga qarab topiladi. Jussasiga qarab tanlanganida Haydar Kesak emas, Toshpolvon yoki Temir polvon boʻlishi kerak. Uning panjalarini Xudo suyakdan emas, temirdan yaratgan. Garchi sigir yilida tugʻilgan boʻlsa-da, Asadbek hazillashib buning muchali mushuk, deydi. Bunga sabab, yoshlik chogʻlarida, hali «karate», «ushu» degan gaplar yoʻq paytida Kesak polvon mushtlashguday boʻlsa mushukday sapchib, uch-toʻrt davangirga bas kela olardi. Kesak polvon anchadan beri oʻzi mushtlashmaydi. Yonida birgina imosiga mahtal boʻlib turgan oʻzi singari chayir yigitlari bor.

Kesakpolvon xonaga kirib, Qilich bilan soʻrashib olgunicha bir-ikki daqiqa vaqt oʻtadi. Salom-alik chogʻida e’tiborga molik gap-soʻz boʻlmagani uchun, vaqtdan foydalanib Haydarga Kesak polvon laqabi berilishining tarixini bayon qilay:

Bu voqea ellik sakkizinchi yilda boʻlib oʻtgan edi. Haydar Asadbek bilan yangi tanishgan kunlar. Ertalab koʻproq temir yoʻl bekati atrofida «ov» qilar edi. Poezdda kelgan odamlarni zimdan kuzatib, puli bor, deb gumon qilinganlarining izidan tushardi. Bir kuni Haydar Namangandan kelgan ikki odamni moʻljalga oldi. Yaktagi ustidan qoʻshbelbogʻ bogʻlagan oʻrta yashar kishi uning e’tiborini tortdi. Ikkala odamning qoʻlida arzirli yuk yoʻq, belbogʻ esa doʻmpayib turibdi. Demak, bular bozorga meva-cheva olib keluvchi dehqonlardan emas. Pulni belboqqa bogʻlab toʻy-poʻy tashvishi bilan shaharga tushishgan. Haydar bunaqa odamlarning fe’lini biladi. Pulni yo mahsi qoʻnjiga yo belboqqa yashirishadi. Koʻpchilik belbogʻni ma’qul koʻradi: pul belga darmon, deyishsa kerak-da. Haydarning «mijoz»lari, aksiga olganday, tramvayga chiqishmadi. U yoqqa tentirab, bu yoqqa galdirab, uch vagonli tramvaylar bemalol boʻlib qoldi. Endi ishni tramvayda eplashtirishning hech iloji yoʻq edi. Haydar ularning iziga tushib, Oloy bozoriga qadar bordi. Lozim boʻlganida himoya qilish maqsadida Asadbek unga soyadek ergashdi. Choʻntak, belbogʻ kesishga Haydardan oʻtadigani yoʻq edi. Xullas, belbogʻ kesildi. Kesishga kesdiyu ogʻirligidan hayron boʻldi. Panaroqqa oʻtib qarasaki, belbogʻda sariq chaqa ham yoʻq — besh-oltita kesak hafsala bilan terib qoʻyilgan. Haydar «bu qishloqi koʻzni shamgʻalat qilmoqchi ekan», deb oʻyladi. Aslida shaharni bir tomosha qilib kelay, deb yoʻlga otlangan bu dehqon «tahoratga kesak topiladimi yoʻqmi» deb har ehtimolga qarshi belbogʻiga tugib olgan edi. Oʻshanda alamdan boʻzarib turgan Haydarga qarab turib Asadbek rosa kuldi. Laqab ham oʻshanda tugʻildi. Ikki oshna bu voqeani tez-tez eslab, miriqib kulishadi.

Kesakpolvon Qilich bilan omonlasha turib, peshtaxta ortidagi xushbichim qizga qarab oldi. Qiz unga shirin jilmaydi. Videobar egasi bu qarashning ma’nosini darrov ilgʻadi.
— Okaxon, gap yoʻq, shkalad yeganday boʻlasiz, — dedi qoʻlini koʻksiga qoʻyib.

Haydar ichkari kirib ketgach, xuddi kelishib olinganday Ehsonov paydo boʻldi.

«Chuvrindi» degan laqab barvasta, yuzlari hamisha qip-qizil, ovozi temir jarangiday bu odamga uncha mos kelmaydi. Yoshligida olgan bu laqabiga koʻnikib ketgan. Asadbek bilan Haydar Andijondan kelgan oʻn uch yoshli chuvrindi bu bolani oltmishinchi yilda qanotlariga olib yanglishmagan edilar. Kamgap, sermulohaza, urishganda esa otasini ham tanimaydigan beayov edi bu Chuvrindi.

Haydar biron-bir masala xususida fikr yuritilganda tez, ammo sayozroq xulosa chiqarardi. Mahmud esa aksincha edi. Asadbek shuning uchun ham koʻproq Mahmudga suyanardi.

A’yonlar ichkariga kirib ketishgach, oradan yarim soat oʻtib, telefon jiringladi. Qiz goʻshakni qulogʻiga tutib, videobar ogʻasiga koʻz tikdi.
— Xoʻjayin kelmas ekanlar. Begavotga ketibdilar, — dedi aybdor odamning ovozi bilan.

Bu gapni eshitgan Qilich «ketaversammikin?» deganday videobar ogʻasiga qaradi. Yigit qizning xabariga ham, Qilichning savol-nazariga ham e’tibor bermadi. Chunki bu xabarning siri xushbichim qizga va Qilichga noma’lum, videobar ogʻasiga esa oyday ravshan edi. «Xoʻjayin kelolmaydilar» deb qoʻngʻiroq qilindimi, demak, Asadbek yarim soatlardan keyin paydo boʻladi. Hozir ichkari xonaga oʻrnatilgan toʻrttala telefon ham jiringlab shunday xabar eshitilgan. Asadbek, koʻngli notinch mahallarda ana shunday nayrang ishlatib turardi. Birontasi izimga tushsa, poylab turgan boʻlsa chalgʻiydi, deb shu usulni qoʻllaydi. Bu nayrang faqat eng ishonchli odamlargagina ma’lum. Asadbekning belgilangan joyga, belgilangan soatda kelmasligi, yo yarim soat avval, yo keyin paydo boʻlishi ham unga ayon.

Videobar ogʻasi beparvo boʻlgani uchun Qilich ham noiloj multfilmga tikilib oʻtiraverdi. Yarim soatda yuragi siqilib, joni halqumiga keldi. Oxiri chiday olmadi:
— Men ketaveraymi? — deb soʻradi.
— Okaxon, oʻtiribmiza-de chaqchaqlashi-ib... Choydan oling. Bugun oddix boʻlsa, shoshib qayoqqayam borasiz. Hozir Sherni qoʻyib beraman. Bir mazza qiling, — u shunday deb xushbichim qizga qaradi. Teleekran pirpirab oʻchdi. Dam oʻtmay pirpirab yorishib, torini qoʻltiqlab olib qoʻshiq aytayotgan Sherali koʻrindi. Sherali uchinchi ashulani aytayotganda Asadbek keldi. Salomga alik oldiyu hol-ahvol soʻrashmasdan, indamay oʻtib ketdi. Videobar egasi Qilichga «Okaxon, ahvolingiz chatoq, xoʻjayinning fe’li aynigan», deganday qarab qoʻydi. Qilich befahm odamlardan emas, Asadbekning rangi-roʻyiga qarab, ahvoli yomonligini oʻzi ham bildi.

Asadbek keng xonaga kirib a’yonlari bilan salomlashgach, oʻrtada turib atrofga sinchiklab qaradi. U ichmas ham, chekmas ham edi. Shundanmi, dimogʻi har qanday isni ilgʻab, ajrata olardi. Haydar ham, Mahmud ham yarim soatdan moʻlroq vaqt shu xonada oʻtirib hech nimani sezishmagan edi. Asadbek xonani koʻzdan kechirgach:
— Boʻtqa! — deb baqirdi.

Boʻtqa — videobar egasi Kenjaning laqabi. U Asadbek kirib ketgach, joyiga borib oʻtirmay, eshik ogʻzida turgan edi. Xoʻjayinning qahrli ovozini eshitgach, shoshilib kirdi.
— Labbay, okaxon, — dedi qoʻl qovushtirib.

Asadbek hech narsa demay teskari shapaloq tortib yubordi. Ogʻiz-burni aralash tushgan kutilmagan zarbdan Boʻtqa muvozanatini yoʻqotib yiqilay dedi. Bir urishda odamning jonini sugʻurib oladigan bu yigit gavdasini rostlab, «xoʻjayin, yana uring, mazza qildim» deganday qoʻl qovushtirib, boshini egdi.
— Shu yerni ham harom qildingmi, hayvon! — dedi Asadbek unga qaramay. Boʻtqa xoʻjayin tikilib turgan nuqtaga qarab, joni chiqib ketguday boʻldi. Kechasi maishat qilib, xonama-xona izgʻishganda gangib bu xonaga ham kirgan, chordona qurib oʻtirib, yalangʻoch qizlarni oʻynatgan edi. Xonaga kirganida qoʻlida piyola bor edi. Konyakni ichib boʻshagan piyolani stol tagiga qoʻyganicha unutgan ekan. Xoʻjayin kira solib, shuni ham koʻribdi. Boʻtqa shoshilib piyolani oldi-da, chiqib ketdi.

Asadbek oʻz oʻrniga oʻtmay divanga, Chuvrindining yoniga oʻtirdi.
— Bularni bichib qoʻyishim qoldi, — dedi oʻziga oʻzi gapirganday.

Haydar ham, Mahmud ham Asadbekning qizi topilganini, uyga qay holda kirib kelganini bilardi. Lekin «qizingiz topilibdi, endi nima qilamiz», deb soʻrashmadi. Uzoq yillar birga boʻlib, Asadbekning koʻziga qaraboq niyatini fahmlab oluvchi bu a’yonlar shu vaqt mobaynida sabrga ham oʻrgangan edilar. Ular Asadbekdan oldin gap boshlamasdilar.
— Anavi toʻnkani nima qilamiz? — dedi Asadbek, jahldan tushib.

Gap vino zavodi boshqoni Qilich Sulaymonov xususida edi.
— Oʻtgan kuni Xosilboyvachcha bilan uchrashgan, — dedi Kesakpolvon.
— Besh kun avval ham uchrashgan edi, — deb eslatdi Chuvrindi.
— Topgan odamini qara, — dedi Asadbek...
— Tinchitib qoʻya qolish kerak, — dedi Kesakpolvon.

Asadbek Chuvrindiga qaradi. Agar u «ha» deb qoʻysa, masala ancha oydinlashardi. Asadbek boshqa fikrda edi, Chuvrindidan shu fikrini qoʻllovchi, hech boʻlmasa yaqin keluvchi gap kutdi.
— Oʻzi pishirgan shoʻrvani oʻzi ichsin, — dedi Chuvrindi. Bu gapdan Asadbek koʻngliga ravshanlik kirdi.
— Toʻgʻri, chaqir uni, — dedi.

Uchovlon yigʻilib, yonlarida boshqa odam boʻlmasa, dastyorlik vazifasi Chuvrindiga yuklanar edi. Hozir ham bu buyruqni malol olmay oʻrnidan turdi. Uning eshikni ochib koʻrinish berishiyoq Qilichga vahm sochdi. «Taqdirimni birpasda hal qilishdimi?» degan xavotir bilan katta xonaga kirdi. Hozir u zavod boshqoni, shaharning manaman degan boyiga oʻxshamas, balki bir toʻp och mushuklarga roʻpara boʻlgan bechora sichqon ahvolida edi. «Puling boʻlsa, changalda shoʻrva» deyishadi. Puli koʻp odam balki shoʻrvani chindan ham changalida ushlab turishi mumkindir. Ammo oʻz jonini ushlab qola olarmikin? Har kuni oʻnlab odamlarning ta’zimiga bepisand qarovchi Qilich, «senga rahbarman» deb poʻpisa qiluvchilarning ovozini besh-oʻn soʻm pul bilan oʻchirib qoʻya oluvchi boshqon ishtonini bexos xoʻl qilib qoʻygan boladek shalvirab qoldi.

Asadbek xonaga ikki qadam qoʻyib, toʻxtab qolgan boshqonga tikildi. Chetdan qaragan kishiga Qilich ham, Asadbek ham qotib qolgan haykalday tuyulishi mumkin edi. Faqat Qilichbek koʻzlarini pirpiratib haykal emas, tirik jon ekanidan dalolat berib turar edi. Asadbekning nigohi ilon avrovchisiniki singari oʻtkir edi. Shunday tikilganda hatto Haydar bilan Mahmud ham ba’zan kalovlanib qolishardi. Mana shu nigohning oʻzi yuz darra tushirishdan afzalroq edi. Chunki bunday qarashning oqibati dahshatliroq hukm bilan yakunlanishi Asadbekning fe’lini bilganlar uchun sir emasdi.
— Bu yoqqa oʻtiring, oʻgʻil bola.

Asadbek kinoya bilan shunday degandan keyin ham, to Qilichbek roʻparadagi yumshoq kursiga oʻtirguncha ham nigohini uzmadi.
— Eshitdinglarmi, bu akamiz shaharga hokim boʻlibdilar? — dedi Asadbek. Garchi uning savoli a’yonlariga qaratilgan boʻlsa-da, koʻzi hanuz Qilichda edi. — Yo men xato eshitdimmi? Balki dunyoga hokimdirsiz, a?

Qilich Asadbekka tik qarayolmay, madad istab a’yonlarga boqdi.

Shu paytgacha ular orasida bunday ohangda gap-soʻz boʻlmagan edi. Asadbek biron narsadan ranjisa odamlari orqali ma’lum qilardi. Oʻzi mayda-chuyda gaplarga aralashmasdi. Qilich zavoddagi ishni yuritishda, ishga odam olish yoki boʻshatishda Asadbek chizgan chiziqdan chetga chiqmas edi. Bosh muhandis qamalgan kuni chopar kelib «xoʻjayin xafalar» dedi-yu, uning oromini oldi. U Sharifning yuqori lavozimga noloyiq ekani, ishni buzayotganini aytib ogohlantirgan edi. Soʻnggi suhbatda Asadbekning oʻzi «yoʻlini qiling» deb edi. U yoʻlini topdi. Endi xoʻjayin nima sababdan ranjiydi?
— Asadbek aka, gunohim nima, ayting? — dedi Qilich.
— Gapini qara-ya! Gunohini bilmasmish, — dedi Asadbek tizzasiga shap etib urib. — Sharifni nima qilding?
— Oʻzingiz aytdingiz... yoʻlini top, dedingiz. Ishlarimizdan hid olib, ochaman, devdi.
— Ochsa nima?! Kimga ochadi? Kim kelib seni kishanga soladi? Pul topishni bilgan, aql topishni ham bilish kerak! Qamatishga sarflaganingning yarmisini oʻziga bermaysanmi.
— Pul olmaydigan qaysar eshshak-ku, u?
— U olmaydigan eshshak boʻlsa, sen pul berishni eplolmaydigan molsan! Pul olmaydigan odam yoʻq bu dunyoda, pul berolmaydigan lapashanglar bor. Bilib qoʻy, uch kunga qolmay Sharif uyda boʻlishi kerak.

Qilich Sharifning ishi yosh bir yigit qoʻlida ekanini bilardi. Shahar prokuraturasida soʻzini ikki qilmaydiganlar ham bor. Shu sababli Asadbekning buyrugʻidan choʻchimadi. «Shu ham ishmi!» deb yengil tortdi.
— Oʻzing oʻrniga borib oʻtirsang ham chiqarasan, — dedi Asadbek yanada qat’iyroq ohangda.

«Buncha vahima qiladi bu», deb oʻyladi Qilich. Lekin bu gapni tiliga chiqarmay «Xoʻp» deb qoʻya qoldi. U osongina qutuldim, deb oʻrnidan turmoqchi edi, Asadbekning gapi joyiga qayta mixladi-qoʻydi:
— Hosilboyvachchaga salom aytib qoʻy.

«Bilibdimi?!» Osongina qutuldim deb oʻylagan Qilichning yuziga endi qizillik yugura boshlagan edi. Bu gapdan keyin rangi quv oʻchib, murdadan farqi qolmadi.
— Hosilboyvachchaga aytib qoʻy: senikini artguncha, oʻzinikini eplasin. Kelib-kelib oʻshandan panoh izladingmi, e, soʻtak!
— Men... panoh izlamadim... boshqa ish bilan borgan edim.
— Qanaqa ish? — Asadbek shunday deb oʻrnidan turdi. Savol berishga berib qoʻyib, javob kutmadi. Stol tomonga oʻtib, gʻaladondan kattaligi sigaret qutisiday keladigan magnitofon olib jajji tugmasini bosdi.

«Iltimosingizni bajardim, ora ochiq endi» — bu Hosilboyvachchaning ovozi edi.

«Uning qamalganini bilib Asadbek quturibdi». Qilich oʻz ovozini eshitib oʻrnidan turib ketdi. Asadbek ham, a’yonlar ham uning harakatiga parvo qilishmadi.

«Biz faqat olimvachchani yoʻqotishga kelishgan edik. Bu yogʻiga oʻzingiz balogardonsiz».

«Shu ish bahona boʻlib Asadbekni yoʻqotish kerak! Bu shaharga xoʻjayinlik qilish faqat sizga yarashadi...»

Bu gapdan keyin oraga sukut choʻkdi. Qilichning koʻz oldiga miyigʻida kulimsirab turgan Hosilboyvachcha keldi. Asadbekning qanotida yurgan odamdan bunday gapni eshitish Hosilboyvachcha uchun tushunarsiz, zavod boshqoni chin dildan aytyaptimi yo igʻvo boshlayaptimi — unga qorongʻi edi. Shahardagi ikki qoʻchqorning biri Hosilboyvachcha sanalsa-da, kuch Asadbek tomonda ekani barchaga ma’lum edi. Ikki qoʻchqor koʻprik ustida uchrashsa, birining qulashi tayin. Bu haqiqat har ikkisiga oydin boʻlgani uchun kalla qoʻyishga shoshilishmaydi. Ikki qoʻchqor orasida kelishuv borligi juda oz odamga ma’lum. Qilich nodonlik qilganini, bularning tili bir ekanini anglab yetdi. Endi magnitofondan chiqayotgan ovozlar uning qulogʻiga kirmadi. Xayoliga asta-sekin oʻrmalab kirib portlagan, «Oʻldiradi!» degan vahimali fikr tanasidagi jonni quvib chiqarganday edi. Kesakpolvon gʻazabdan joʻshib, sapchib turib tumshugʻiga musht tushirdi-yu, uning tanasiga jon qaytdi. Yiqilib yotgan yerida avval dumbasidan soʻng belidan bir-ikki tepki yegach, xayoli yanada ravshanlashdi.

Chuvrindi Kesakpolvonni qoʻlidan ushlab ajratib qoʻygach, Qilich oʻrnidan turdi. Choʻntagidan roʻmolchasini chiqarib, burnidan oqayotgan qonni artdi. «Endi oʻldirishadi. Meni bu yerga ajal haydab kelgan ekan,— deb oʻyladi u. — Bitta boshga bitta oʻlim. Oʻzim ahmoqman. Bularning baribir goʻr ekaniga aqlim yetmabdi. Oʻzimni oʻldirishsa mayli, bolalarimga tegishmasa boʻlgani...» U oʻlim oldida soʻnggi gapimni aytib olay, degan maqsadda «Bolalarim...» deb soʻz boshlamoqchi edi, gʻoʻdiranishdan nariga oʻtmadi. Kesakpolvonning bir zarbidan singan tilla tishlari gapirtirmadi.
— Senga ijozat, — dedi Asadbek, yumshoq ohangga oʻtib. — Aytilgan ishni qil. Sharifning oʻrnini sovutma.

Qilich «xato eshitmadimmi?» degan ajablanish bilan Asadbekka boqdi. Asadbek yumshoqroq ohangda gapirgan boʻlsa-da, qarashi oʻsha-oʻsha oʻtkir, sovuq edi. «Sharifning oʻrnini sovutma, deb nimani nazarda tutdi? Vazifasiga tiklab qoʻy, dedimi yo qamoqdagi oʻrnini sovutma, demoqchimi?» Qilich singan tishlarini roʻmolchasiga tupurib, shu muammoni oydinlashtirish maqsadida soʻradi:
— Joyida ishlayversinmi?
— Qaerda ishlashini bizga qoʻyib ber. Sen uning oʻrnini sovutma.

«Demak, qamoqdagi oʻrnini... Bir jihatdan shu durust. Bulardan bir-ikki yil nari yashaysan...» Qilich jonini qaytarib bergan hotamtoy akalariga ta’zim qildi. Ta’zimga javob boʻlmagach, chiqib ketishi lozimligini uqdi. Tislanib yurib eshikka yaqinlashdi.
— Bir umr qulingiz boʻlmasam, kalomullo ursin, koʻzim ochildi, aka!

Bu gapdan ular quvonib ham ketishmadi, ajablanishmadi ham.

Qilich quvonib ketganidan yoki mehri tovlanganidan ichmadi bu qasamni. Uning nazarida qirqqa kirib, lahadga tushib chirib yotgandan koʻra qolgan yigirma yilmi, oʻttiz yilmi, umrini yorugʻ olamda, qullikda oʻtkazgani ma’qul edi. Yer yuzidagi odamlar turfa xil umid bilan umr oʻtkazadilar. Birovlar Vatan uchun jonni tikadilar, ba’zilar din pokligi, yana ayrimlar fan rivoji uchun... Qilichlar alohida toifaga mansub — ular shirin jonlari uchun Vatanni ham, dinni ham... tikib yuboradilar. Shunday ekan, joni foydaga qolgan damda bitta qasam ichib yuborsa, osmon uzilib yerga tushibdimi?

3

— Bekorga qoʻyib yubording. Tinchitish kerak edi, — dedi Haydar, barmoqlarini qisirlatib. Uning odatini bilmagan kishi hozir musht urganda panjalari chiqib ketgan ekan, endi joyiga solyapti, deb oʻylashi mumkin. Barmoqlarini qisirlatish — asabiylashayotganidan darak. Asadbek uch narsaga toqat qilolmaydi: laganga qoshiq yoki sanchqi tegib taraqlasa, yonidagi odam ovqatni chapillatib yesa, barmoqlar qisirlasa gʻashi kelib miyasiga igna sanchilganday boʻladi. Taqdirning gʻirrom oʻyini bu «fazilat»larning barchasini Haydarga nasib etgan. Yillar mobaynida Asadbek unga tanbeh beraverib charchadi. Agar bu tanbehlar molga aytilsa, u tuppa-tuzuk odamga aylanib qolishi mumkin edi. Lekin Kesakpolvon yaratgan egam ato etgan bu «fazilat»lariga zarracha xiyonat qilmay yashayapti.

Asab torlari tarang tortilgan Asadbek unga oʻqrayib qarab turib, oxiri portladi:
— Jim oʻtirsang-chi, birpas!

Dunyoning oromini shu barmoqlar qisirlashi buzib turganday, xonani birdaniga sukunat bosdi. Ikkala a’yon Asadbekka tikilib oʻtiraverishdi. Bir necha nafaslik sukut Asadbekning ham joniga tegib, ohista gap boshladi:
— Uni tinchitish oson... Oʻsha yoqda tinchiydi. Men xoinlarni hech qachon kechirgan emasman. Yozuvlarni menga Hosilboyvachcha berdi. Nima uchun berdi, oʻylab koʻr-chi? Meni yaxshi koʻrgani uchunmi? U «Asadbek Kesakpolvon degan ahmoq oshnasining maslahatiga yuradi», deb oʻylagan. U payt poylayapti. Uning puli koʻp, ammo aqli kalta.
— Aqli kaltalardan koʻproq qoʻrqish kerak, — dedi Chuvrindi.

Asadbek unga yalt etib qaradi. «Qoʻrqish kerak» degan ibora unga yoqmadi. Chuvrindi bu qarashning ma’nosini tushunib, gapiga tuzatish kiritdi:
— Ehtiyot boʻlish kerak, demoqchiman. Aqli kaltalar oʻylab, ishni pishitib soʻng jangga kirmaydi, kutilmaganda chang solib, oʻzini ham, boshqani ham vayron qiladi.
— Hosilboyvachcha hali-beri menga urush ochmaydi. Yangi paydo boʻlayotgan mayda toʻdalardan ehtiyot boʻlish kerak.
— Gapingiz toʻgʻri, — dedi Chuvrindi, — bir hikmat bor: tariqday mamlakatning rahbarlari kambagʻallikdan chiqish yoʻllarini izlab, oxiri Amerikaga urush ochmoqchi boʻlishibdi. Urush ochsak, ular bizning yurtimizni bosib olishadi, soʻng xalqimizni boqishga majbur boʻlishadi, deyishibdi. Shu qarorga kelishganda ulardan biri: «agar biz ularni yengsak-chi, xalqini qanday boqamiz?» deb tashvishlangan ekan.
— Agar katta mamlakat lallaysa har balo boʻlishi mumkin, — dedi Asadbek. Soʻng Kesakpolvonga yuzlandi: — Otarchining qaytganini eshitganmiding?
— Qaysi otarchi?
— Elchin. Esingdan chiqdimi?
— Ha, umi? Eshituvdim.
— Nega menga aytmading?
— Chakki qadam bosgani yoʻq. Tinchgina yuribdi.
— Tinchgina yuribdimi? Sen uning oʻrnida boʻlganingda tinchgina yurarmiding?!
— Meni oʻsha soʻtakka tenglashtirasanmi?
— Boʻpti, gapni chaynama. Endi qarzimizni uzishimiz kerak. U sen oʻylagan soʻtaklardanmas. Erkak u, bilib qoʻy! Deputatning qizi boʻyiga yetib qolganmi?

Chuvrindi Asadbekning maqsadini anglab, bosh irgʻadi.
— Haydar, Shilimshiqdan xabar bormi?
— Yuribdi, Chelyabinskda.
— Uni qaytarish kerak. Otarchiga roʻpara qilamiz. Oʻchini bizdan emas, oʻshandan olaversin. Mahmud, Sharifning ishi yosh bolaning qoʻlida ekan. Vinzavodga qiziqayotgan emish. Kimligini bilib qoʻy.
— Bilib qoʻyganman. Toʻytepalik bola. Ota-onasi ketmonchi. Oʻziga ilmdan Xudo bergan ekan. Lekin ilmni tashlab bu yoqqa oʻtibdi.
— Nega?
— Akasini oʻldirib ketishgan ekan. Shunga alam qilgandir.
— Kim oʻldirgan ekan, aniqlab qoʻy.

Bu buyruq Kesakpolvonga qarata aytilgan edi. U nima qilish lozimligini tushundi. Mahmud Haydarga nisbatan ziyrak, mulohazali edi. Asadbek atrofidagilar ularni bir odam tanasi a’zolari, ya’ni Haydar— qoʻl-oyoq, Mahmud — bosh, Asadbekni esa yurakka qiyos qilar edilar. Asadbekdan marhamat istaganlar avval Mahmudga uchrashishni ma’qul koʻradilar. Uning laqabi «Chuvrindi» boʻlgani bilan aqlan boy edi. Koʻp yillar muqaddam bekatda xarob holda tentirab yurganida Asadbekka emas, biron ilm egasining nazariga tushganida katta olim boʻlib ketishi shubhasiz edi. Bandaning emas, Yaratganning amri vojib boʻladi, deganlaridek, mana hozir Mahmud Fanlar akademiyasida emas, qasrga aylantirilgan yertoʻlada Asadbek bilan yuzma-yuz oʻtiribdi. Olimlar tungi ziyofatdan hali oʻzlariga kelganlaricha yoʻq, u esa tiniq aqli bilan tetik oʻtiribdi. Asadbek yuragidagi zardobni yashirishga qanchalik urinmasin, Mahmud uning vujudida uygʻongan gʻalayon oʻtini allaqachon sezgan. Bu zardob, bu gʻalayon faqatgina qizining taqdiriga bogʻliq emasligini ham fahmladi. U Asadbekning bir oz jim qolganidan foydalanib, oʻrnidan turdi-da, eshikni ochib qarab qoʻydi. Boʻtqaga shu qarashning oʻzi kifoya qildi. Zum oʻtmay patnis koʻtarib kirib, piyolalardagi qahvalarni ta’zim bilan bir-bir uzatdi.

Asadbek piyolani oldi-yu, qahvani ichmadi. Boʻtqa chiqib ketgach, Mahmudga yuzlandi:
— Oʻgʻling nechchiga kirdi?
— Yigirma ikkiga.
— Kichik oʻgʻlim yigirma oltiga qarab ketyapti, — Asadbek shunday deb ma’yus tortdi. — Topgan-tutganlarimiz nevara-chevaralarimizga ham yetib ortadi. Bizga yana nima kerak?

Mahmud javob bermadi. Haydar esa ajablanib, qoʻlidagi piyolani yumshoq kursining yonsuyanchigʻiga qoʻydi.
— Bek, tinchlikmi oʻzi, senga nima boʻldi?
— Mengami? — Asadbek ma’yus jilmaydi. — Menga hech nima boʻlmadi. Lekin... osoyishta hayotimiz tugaganga oʻxshaydi.

Asadbek salkam qirq yillik bezovtalikni, kurashni, tahlikali yillarni, jon talvasasida yurishlarni osoyishta hayot, degan ekan, bu osoyishtalik tugagan boʻlsa nimalar yuz berishi mumkinligini tasavvur etib koʻring.
— Biz urushga kirayotganga oʻxshaymiz, — dedi Asadbek oʻsha siniq ohangda. — Bizga urush ochganlar — mayda toʻda. Mayda toʻda uyushganroq boʻladi. Ular bizga urush ochganlarini ma’lum qildilar. — Asadbek qizi voqeasini nazarda tutgan edi, a’yonlar buni tushundilar. — Lekin men urushni istamayman. Men ularning maqsadini bilishim kerak. Dardi boylik boʻlsa, beraman. Shaharga hokimlikni istasa — olsin. Agar maqsadi yolgʻiz oʻch olish boʻlsa, noilojmiz, urushamiz. Ammo bu soʻnggi urush boʻladi. Endi men vinzavoddagi tentak olim bolaga jon kuydirayotganimning sababini senlarga aytib qoʻyay. Biz bu zavodni davlatdan sotib olishimiz kerak. Bu olim bola bizga shunda asqotadi. Chet elning nazariga tushgan olimni qoʻldan chiqarsak, oʻtaketgan ahmoq boʻlamiz. Shu bola orqali Portugaliya bilan aloqa bogʻlaymiz. Zavoddan olayotgan sariq chaqalarimiz oltinga aylanishi kerak.

Bu gap Mahmud uchun yangilik emas edi. Korxonalar ijaraga berila boshlaganida Asadbek bir necha yigitlariga taksi mashinalar olib berdi, ammo kattaroq ishga qoʻl urmadi. U kutgan payt endi keldi: korxonalarni sotib olish fursati yetdi. Buning uchun zavod xarob holga kelishi, soʻng sotib olinishi zarur. Korxonani xarob holga olib kelish qiyin ish emas. Biroq uni dunyo bilan tillasha oladigan darajaga yetkazish qiyin. Buning uchun aql kerak. Aqlni Asadbek Sharifda koʻrgan, uni bosh muhandislikka tayin etishda ana shu maqsadni koʻzlagan edi.

Asosan ijrochilikka koʻnikib qolgan Kesakpolvon Asadbekning shu ishlariga koʻpam tushunmas, shu ishdan bir gap chiqar, deb, uncha aralashmas ham edi. Mana hozir «bir ish chiqayotganiga» ishonib, hayratga tushdi.

IV bob

1

— Sizni chiqarib yuborishmoqchi boʻlishgan ekan, oʻzingiz koʻnmaganmishsiz? — dedi hamshira.
— Sizni tashlab ketgim kelmadi, — dedi Anvar, jilmayib.
— E, qoʻying-e...
— ...Men sizni oʻylasam

Charogʻon boʻladi olamim.

Men sizni oʻylasam

Qora qon boʻladi olamim...
— Anvar aka, qoʻying, bunaqa gaplarni... Shunaqa desangiz... gaplashmay qoʻyaman...

Hamshira shunday deb kaftlarini yuzlariga bosdi. Anvarning shirin soʻzlari unga yoqqan, bu soʻzlar vujudidagi shaytonni uygʻotgan, shayton esa fursatni qoʻldan bermay, ayolning nozik hislarini qoʻzgʻata boshlagan edi. Ayni chogʻda, sergak farishtalar ayolning uyat, nomus, hayo tomirlarini uygʻotmoqqa kirishgan edilar. Osmondagi bulut toʻdalari toʻqnashib yashin chaqqani kabi bu vujudda ikki kuch ayol yuragini yondirib, larzaga soldi. Bu kuchdan juvonning yuzlarigacha qizarib ketdi. Chiroqning xira nurida hamshiradagi bu oʻzgarish sezilmasa-da, u oʻngʻaysizlanib, yuzlarini kaftlari bilan toʻsgan edi.

Anvar juvondagi bu oʻzgarishni sezdi. Kunduzi bir shifoxonada hamshiralik qilib, bu yerda haftaning ikki tunida navbatda turuvchi, ustiga-ustak qoʻshni idorada farroshlikni ham boʻyniga olgan bu ayol har qanday erkakning xayolini oʻgʻirlashi tayin edi. Bu xushroʻy ayolning eri majruh ekani, toʻshakdan turolmasligini bilgan erkak esa unga bir qarmoq tashlab koʻrmasa koʻngli tinchimas. Hamshira bunga koʻnikib qolgan. Koʻzlarini chaqchaytirib turib koʻngil izhor qilgan, ayniqsa bilagiga qoʻl yuborganlarida u erkak zotidan, hatto ba’zan oʻz eridan ham nafratlanib ketadi. «Erim sogʻ boʻlganida shularga oʻxshar edimi», deb oʻziga oʻzi savol beradi. Bolaligida xastalanib, soʻng toʻshakka bir umr mixlangan bu yigitni yaxshi koʻrib tekkan. Koʻnglida uygʻongan his nima edi — muhabbatmi yo rahm-shafqatmi aniq bilmaydi. Yigitni xastaxonada ilk koʻrganida yuragi gʻalati boʻldi. Yuzida kulgichi bor, koʻzlari qisiqroq, qoshlari qalin bu yigit istarali, soʻzlari esa shirin edi. U xuddi xirgoyi qilayotgandek shirin gapirardi... Boshqa hamshiralar muolaja qilishsa, gapga solishsa uning gʻashi keladigan boʻldi... Otasi koʻnglida norizo boʻlsa-da, sirtiga chiqarmadi. «Shu gʻaribga baxt bersa, savob», dedi. Dunyodagi eng xushsurat yigitni kuyov qilaman, degan umidda yurgan onasi koʻz yoshi toʻkdi-yu, baribir koʻndi. Ba’zilar toʻrt muchasi sogʻ goʻzallarga yetishguncha dard chekishadi. Hozir yuzlariga kaftlarini bosib turgan juvon esa xasta yigitga yetguncha koʻp qiynaldi. U kechirgan toʻlgʻoqli tunlar tasviri alohida doston boʻlar. Koʻnglini muhabbat chaqmogʻi ozgina boʻlsa ham yoritgan insonga bu kechmishlar begona emas.

Hamshira koʻnglida shilqimlik uygʻongan erkaklarga duch kelganida toʻshakda yotgan eri koʻz oldiga kelardi. Shunda unga xiyonat qilganday, oʻzini oʻzi la’natlar edi. Bilagiga begona erkakning qoʻli tekkuday boʻlsa vujudi kirlanganday, yomon bir kasal ilashib qolganday tuyular, uyiga qaytgach, erining koʻziga boqishga qurbi yetmas, bolalarini oʻpishga ham yuragi betlamas edi. Uyiga goʻyo haromni boshlab kelganday oʻzidan-oʻzi nafratlanar, dunyoni bunchalar yaralganidan xafa boʻlib ketardi. Ba’zi hollarda «erim sogʻ boʻlganida shu yoʻlda yurarmi edi» deb savol tashlab, yuragi battar ezilib ketardi. Nomusni jondan aziz bilgan ayol xiyonatga duch kelsa nima boʻlarkin? Ming yillar muqaddam oʻtgan Yevripid degan shoir:

Nomussizlik gar ilashsa nikoh ipiga

Ayol qalbi shu qadarli qonsiragayki,

Topolmaysiz yer yuzida bunaqasini,

deganida balki bizning hamshirani nazarda tutgandir.

Xullas, rashk mavjud, ammo xiyonatga begona oila sohibasi garchi Anvarga mehri boʻlsa-da, chegaradan chiqa olmas edi. Chegarada nomus, iffat, hayo degan qoʻriqchilar borki, ular iblisning zarbalariga yoʻl bermaydilar. Hamshira «shunaqa desangiz... gaplashmay qoʻyaman» deganida shunchaki poʻpisa qilmadi. Hozir Anvar gapni shu ohangda davom ettirsa, chindan ham suhbatga chek qoʻyar edi.

Anvar hamshiraning gapini yolgʻon poʻpisa deb anglamadi. Balki gaplari notoʻgʻri talqin etilganidan afsuslandi:
— Dilobar, — dedi u, — siz meni tushunmadingiz. Erkak bilan ayol bir-birini yaxshi koʻrsa maqsad faqat toʻshak boʻlmaydi-ku? Aka-singilday yaxshi koʻrish mumkinmi? Men sizning qoshu koʻzingizni emas, faqat inson bolasiga xos odatlaringizni yaxshi koʻrishga haqqim yoʻqmi? Yorugʻ olamda besh milliardga yaqin odam yasharkan. Lekin koʻngil ba’zan beshta yaxshi odamga muhtoj boʻladi-ku? Shu besh odamning biri ayol boʻlishi mumkin emasmi?

Dilobar «Gapingiz rostmi?» deganday unga bir qarab oldi. Anvar boshini egib, koʻzlarini bir nuqtaga qadab oʻtirar edi. Hamshiraning qarab qoʻyganini sezmadi.
— Siz mendan nafratlanmang. Agar siz mendan ranjisangiz... men dunyodan nafratlanaman.

Olislarni koʻrish uchun umr karvoni,

Saboq ekan, kiprigimni yosh qilib qoʻydi.

Keyinchalik har bir kuzning bargi xazoni

Yumshoqqina yuragimni tosh qilib qoʻydi.

Dilobar oradagi siniqlikni koʻtarish uchun gapni boshqa yoqqa burmoqchi boʻldi:
— Yangi she’ringizmi?
— Yoʻq, — Anvar boshini koʻtarmay javob berdi, — Asqar Qosim degan shoirniki. Taqdirim oʻxshaydi, ammo she’riyatiga yetishim mushkul. Balki umrim ham oʻxshar.
— Umrim?.. U odam tirikmi?
— Yoʻq... oʻzini osgan.

Dilobar titrab ketdi.
— Osgan?
— Ha.
— Nimaga?
— Buni tushunishingiz qiyin. Oxirgi she’rini aytaymi?
— Ayting.

«Boshginamga agʻanagan, katta togʻlar, alvido!

Men ketarman hasratlanib, ruhi sogʻlar, alvido!

Bu dunyoning shoʻrishiga navnihollar tebraning,

Esliroq bogʻboni yoʻq, qoldi bogʻlar, alvido!»
— Voy, bechora...
— Bechora emas. Chorasini topdi, mard ekan.
— Qoʻying, bunaqa gaplarni. Oʻzini oʻldirish... mardlik emas.

Anvar oʻrnidan turdi. U ayol bilan bahslashishni istamadi.
— Ertalab yana ishga borasiz. Damingizni oling, — dedi u.

Anvar xurrak ovozi eshitilayotgan xonasiga kirib ketdi.

Hazil ohangida boshlangan suhbatning ezgin ruhda toʻsatdan uzilishi Dilobarni qiynab qoʻydi. Ustiga choyshab solingan taxta karavotda uch-toʻrt soat boʻlsa ham uxlab olardi. Anvarning gaplaridan keyin koʻzlaridan uyqu qochdi. Xunuk xayollar tinchlik bermay xonaga bir-ikki oʻgʻrincha qarab oldi.

Anvar karavotida oʻtirardi. U tong otguncha ham yotmadi.

2

Navbatdagi tun bedor edi. Umrning yana bir qorongʻu kechasi toʻlgʻoqlar bilan oʻtayotgandi. Ruhlari xastalangan bemorlar orasida sogʻlom bir yigit dunyoning kirligiga imon keltirib oʻtirardi.

Hamshira bilan boʻlgan suhbatdan ezildi, shoir esiga tushib oʻrtandi, deb, siz azizlarni chalgʻitmay. Nafsilamrini aytganda, suhbatni keskin uzishiga nima sabab boʻlganini Anvarning oʻzi ham aniq bilmaydi. Yuragi siqiladiyu tomogʻiga bir nima tiqilib gapirolmay qoladi. Qulogʻi shangʻilaydi. Xotini koʻrgani kelganida ham tuppa-tuzuk gaplashib oʻtirib, birdan shu ahvolga tushadi. Xotini «kasallari tutdi shekilli», deb oʻylaydi. Oʻzi ham ba’zan shu fikrga keladi. «Chindanam jinni boʻlyapmanmi», deb xayol qiladi. Bu fikrga bandi boʻlmaslik uchun «Dorilar ta’sir qilyapti», deb oʻzini oʻzi ishontirmoqchi boʻladi. Ruhni sozlovchi, tinchituvchi kuchli dorilar sogʻlom odamni gangitishi turgan gap.

Hozir ham shunday boʻldi. Xonaga kirib oʻtirib yutindi. Oʻsha «bir nima» tomogʻiga qadalib turaverdi. «Jonim halqumimga kelib qoldimi? Qadalib nima qiladi, chiqib keta qolmaydimi? Jon chiqishi shunchalik qiyinmi? Uni quvib chiqarish uchun boʻyinga sirtmoq solish shartmi? Asqar aka ham shunday qiynalganmi? Qanday umidlar bilan tong ottirganlar? «Bandasini yaratgan Xudo insofni ham berar», debmi? Shoh Mashrabday odamni osgan bandaga insof berilishini umid qilish mumkinmi?»

Yuragi siqilib, havo yetishmayotganday boʻldi. U chuqur-chuqur nafas oldi. Tomogʻidagi «bir nima» yoʻqoldi. «Jon anoyi emas. Menday moʻminni tashlab qayoqqa ketsin? Lekin yurak bezovta. Nimaga potirlaydi. Ozodlikni qoʻmsayaptimi? Qaerda bor ozodlik? Mana shu devorlar ortidami? Yo uchinchi qavatdami? Ozodlik devor ortida emas, shu yerda-ku? Ozodlikni asrash uchun devor bilan oʻraganlar. Eng ulugʻ ozodlik esa uchinchi qavatda. Shuning uchun ham derazalarga temir panjara toʻsilgan. Devor orti — jinnixona. Amal talashadilar, obroʻ, shon-shuhrat ilinjida Xudodan qoʻshimcha barmoqlar tilab olib ishga kirishadilar... Bu yerda esa unday jinnilik yoʻq. Hamma teppa-teng...»

Anvar shu xayollarga bandi boʻlib oʻtirganida deraza orti yorishdi. U avvaliga koʻcha chirogʻi yondi, deb oʻyladi. Lekin yorugʻ oqim faqat roʻparadagi derazadan oqib kirayotganini anglab sergaklandi. Oppoq nur xuddi poyandoz singari yuqoridan tushib oyoqlari ostida toʻxtagan edi. Anvar ajablandi. Dam oʻtmay bu ajablanish qoʻrquvga aylandi. Hozirgina joni chiqib ketishiga rozi boʻlib oʻtirgan yigit qoʻrqdi — har holda jon shirin-da! Qoʻrquv oyoq-qoʻliga muz yugurtirdi.

«Qoʻrqma, biz senga faqat yaxshilik istaymiz».

Anvar bu muloyim ovoz qaerdan kelganini bilmadi.

Dilobarning ovoziga oʻxshatib, alangladi. Eshik qiya ochiq — hamshira koʻrinmaydi.

Ovoz yana takrorlandi.

«Qoʻrqma, biz senga faqat yaxshilik istaymiz. Derazaga qara».

Anvar deraza ortida goʻzal bir qizning yuzini koʻrdi.
— Kimsiz?
— Biz boshqa sayyoradanmiz.
— Qaysi sayyoradan?
— Sizlar Chayon yulduzlar turkumi deb ataysizlar. Biz esa Zurru deymiz. Zurru — nur oʻlkasi degani.
— Uchar likopchalarda yurgan sizlarmidingiz?
— Yoʻq. Ular sizlarning yaqin qoʻshningiz. Quyosh majmuasiga eng yaqin joylashgan Zaura yulduzidan. Zaura — taraqqiyot degani. Ular taraqqiyot uchun hamma narsadan kechganlar. Sayyoralari halokat yoqasiga kelib qolgan. Ulardan qoʻrqishing kerak. Sen biz bilan birga boʻlasan. Zauraliklarning taraqqiyoti biznikidan ming karra past. Shuning uchun likopchaga oʻxshagan jismda uchib yurishadi. Ularning vakillari orangizga tushgan, sizlar bilan birga yashaydi, sizlar esa buni bilmaysizlar. Xalq otasiman, deb yurgan, senga kun bermayotgan odam asli zauralik. U — odam bolasi — onasidan chala tugʻilgan, oʻlimga mahkum edi. Oʻsha onda zauralik uning tanasiga jon boʻlib kirgan. Shuning uchun unga hech nima kor qilmaydi. Ocharchilik yillari tengdoshlari oʻlganda ham bu tirik qolgan. Ocharchilikda omon qolgan tengdoshlari urushga ketib qirildi. Buning ham erkak ekani, urushga borishi lozimligi birovning xayoliga kelmadi. Urushdan tirik qaytgan tengdoshlari qamoqqa tashlandi. Sen bilmaysan, doʻstlari uning fatvosi bilan qamoqda chiriganlar. Sen uning kelajakni koʻra bilish xususiyati borligini ham bilmaysan. Unga ertaga nima boʻlishi ma’lum. Shuning uchun oʻzi ham bir yarim yil qamoqda oʻtirib kelgan. Qamoqdan chiqqan doʻstlari sil boʻlib, pes boʻlib oʻlib ketdilar. U yetmish yoshida oʻn yetti yoshli yigitdan ham baquvvatroq.
— Uning maqsadi nima?
— U Yerni Zaura fuqarosi uchun tayyorlashi kerak.
— Qanday?
— Ruhan tayyorlaydi. Zaurada tarixdan koʻz yumganlar. Tarixdan soʻz ochgan zauralik oʻsha zahoti qatl etiladi. Ularning yuragi tosh kabi qattiq. Kimdaki his-tuygʻu uygʻonsa — oʻlimga mahkum. Xalq otasining vazifasi yerliklar qalbidan mehr-oqibat degan tuygʻuni haydab chiqarish, tarixni unutishga erishish. Huda-behudaga barmoqlari bilan soch tarashi, «s»ni aytolmasligi, lablarini tili bilan yalab qoʻyishi, koʻzini loʻq qilib yolgʻon gapirishi — zauralik ekaniga isbot. U bittagina emas, yonida sheriklari koʻp. Hammalari odam libosida. Bilib qoʻy: ular odamlarni qirib tashlab, soʻng Yer sayyorasini egallaydilar. Bilki ular jon boʻlib odam tanasiga kiradilar. Hozir Yer odamlarining juda koʻpi zauralikdan iborat. Yer halokat sari boryapti. Biz eng pokiza yerliklarni qutqarib qolamiz. Seni ham olib ketamiz. Sen mening gaplarimga ishonmaysan. Senga yana ozgina fursat beramiz. Yerda yurgan ikki oyoqli maxluqlar aslida Yer odami emas, zauralik ekaniga ishonch hosil qilganingdan soʻng biz bilan ketishga oʻzing rozi boʻlasan. Hozir oʻrningdan tur. Nur ustiga qadam qoʻy.

Anvar nur poyandoz ustiga qadam qoʻyishi bilan oʻzini yengil his etdi. Koʻzlari nurdan qamashdi. Qancha vaqt oʻtganini bilmaydi. Bir vaqt nur kuchdan qolib, koʻz oldi ravshanlashdi.
— Gaplashish mumkin emas, faqat koʻrishing mumkin.

Sharshara yonidagi majnuntol soyasida oʻtirgan odamni tanidi: Asqar Qosim. Oʻy surib oʻtiribdi. Yerda ham shunday edi — koʻp oʻy surar edi. Atrofdagi odamlar ham tanish. Shiypondagilar... Nahot? Qodiriy, Choʻlpon... «Tushimmi, oʻngimmi?»
— Oʻngingda koʻryapsan.
— Ularni ham sizlar...
— Ha, biz olib ketganmiz. Yerdagi zauraliklar zulmidan xalos etganmiz. Pokiza odamlarning barchasi shu joyda orom topadi — bilib qoʻy! Endi izingga qayt. Vaqt yetdi. Men sen bilan yana uchrashaman...

Koʻz oldidagi nur yana kuchaydi. Oʻzini yana yengil his qildi. Soʻng... nur yoʻqoldi. Gʻira-shira xona... Xurrak ovozi...

3

— Uyqungiz kelmayaptimi?

Koʻrganlari tushmi yo roʻyo ekanini bilolmay garang oʻtirgan Anvarga eshik tomondan kelgan ovoz xuddi yer qa’ridan chiqqanday tuyuldi. Shu sababli savolga javob qaytarmadi. Ovoz kelgan tomonga qaramadi ham.
— Bu yerda menam uxlolmayman.

Anvar ovoz yer qa’ridan emas, eshik tomondan kelganini fahmlab, boshini koʻtarib qaradi. Yangi yildan uch kun oldin kelgan oʻrta yosh kishi tirsagiga tiralib unga qarab gapirar edi.
— Gaplaringizni eshitib yotuvdim. Asqar degan bolani esladingiz. Men ham tanirdim u bolani. Temir yoʻlning naryogʻidagi jinnixonada birga yotganmiz. Yuragi toza bola edi. Ammo sogʻlom edi. Bekor uvol ketibdi. Eshitmagan ekanman. Xudo rahmat qilsin.

Anvar gap poylab yotgan bu kishiga nima deb javob berishni bilmadi. Ovqat ustida bir-ikki ogʻiz suhbatlashgani hisobga olinmasa bu odamni bilmaydi. Kim u, dardi nima — xabarsiz.

Anvardan sado chiqavermagach, gap tashlagan odam oʻrnidan turib kelib yoniga oʻtirdi. Karavot simlari uning ogʻirligiga dosh berolmay zorlanib, gʻijirlab qoʻydi.
— Men bu yerlarda yotaverib koʻzim pishib qolgan. Kim sogʻ, kim nosogʻ — darrov ajrataman. Kerak boʻlsa doʻxtirlaringizni oʻqitib qoʻyaman. Siz sogʻlom yigitsiz. Bu yerga tushib qolganingizdan ezilyapsiz. Ezilmang, uka. Bu yerning nomi xunuk. Oʻzi yaxshi joy. Men shu yerda jon saqlayman. Agar jinnixona boʻlmaganida allaqachon... asfalasofilinga joʻnatvorishardi. Bir kuni, deng, oqshom koʻchaga chiqsam, qoʻshnim turibdi. Yap-yangi «Gaz-21» olgan edi. «Yuring, qoʻshni, xizmatingizda boʻlay», dedi. Oʻzi muttahamroq bola edi. Men uning ustidan oʻrganga yozib yuborgan edim. Hay, Xudo insof beribdi, dedim. Oʻtirdim. U qizigʻar moshinasini Qoraqamishga qarab uchirdi. Gadoy topmas yerga yetganda «qimirlamay oʻtir!» deb doʻq urdi. «Voy, qizigʻar, oʻldiradi, shekilli», deb moshinadan tushdim. Qochay, deb oʻzimni qamishzorga urdim. Bunday qarasam, chuqurda odam oʻliklari yotibdi...

Anvar bu hikoyani kechki ovqatdan keyin eshitgan edi. Shu sababli eshik yonidagi karavotda yotuvchi bu odamning gaplari qulogʻiga kirmadi. Boshqa payt boʻlganida balki zerikmay tinglardi. Ammo hozir, koʻziga koʻringan nur, deraza ortidagi goʻzal uzor, sharshara, majnuntol, xayolga choʻmib oʻtirgan shoir... uni yolgʻizlikka undardi. Ammo bu yorugʻ olam aro hech boʻlmaganda bir necha daqiqa yakka qolishni istardi. Bandaning koʻngli nimalarga sust ketmaydi. Vohidlik faqat yaratgan parvardigorga yarashadi. Faqir boʻlib yaralganingdan keyin yoningda it oʻtirsa ham, bit oʻtirsa ham chidaysan.

Anvar bu odamni esi ogʻib qolganlardan deb bilgani uchun yonidan haydamadi. Gapini qanday boʻlib, joyiga qanday joʻnatish yoʻlini izladi. Nojoʻya soʻz aytib yuborsa bu toifa odam ayyuhannos solib jinnixonani boshiga koʻtarishi hech gap emas.
— Men boyatdan beri sizga qarab yotibman. Haykalga oʻxshab qotib oʻtiribsiz. Men sizga aytsam, — u Anvarning qulogʻiga shivirladi, — men ham soppa-sogʻman. Lekin hamma meni jinniga chiqargani uchun ba’zan oʻzim ham ishonib ketaman. Davlat ham ishonadi. Ishonadi. Ishonmasa yigirma uch soʻm pensa berarmidi. Endi uka, mening otim Shoqayum, tuz-nasib ekan, shu yerda jon saqlaymiz. Men hangomatalab odamman. Koʻp gapirib bezdirvorsam, shartta urishib tashlayvering, xafa boʻlgan — nomard. Lekin hadeb bunaqangi siqilib oʻtiravermang. Oʻzingizni yeb qoʻyasiz. Men ham oldiniga shunaqa boʻlganman. Keyin bilsam, qaytaga shu yaxshi ekan. Odamlar meni jinniga chiqargandan beri mazza qilib yashaydigan boʻldim. Oldin toʻgʻri gapni aytolmay ezilib ketardim. Endi shartta-shartta aytaman. Birovning qulogʻiga kiradimi, yoʻqmi, aytaveraman. Shunaqa qilib yuragimni boʻshatib olaman. Siz ham shartta-shartta gapirib yuboravering. Bunaqa oʻtirmang.

«Bunaqa oʻtirmang... Rostdan ham qimirlamay oʻtirdimmi? Nur-chi? Sharshara-chi?»
— Shoqayum aka, kirganimdan beri haykalday qotib oʻtirdimmi?
— Ha, de! Asqar rahmatli ham shunaqa edi. Derazaga tikilib oʻtiraverardi. Qorongʻida nimani koʻryapti, deb hayron boʻlardim. Ammo uni gapga solish qiyin edi. Bir kuni «nima qilib oʻtiribsiz, uka?» desam, «quduq qidiryapman», deydi. «Hazillashyapsizmi, qanaqa quduq?» deb soʻrasam, «Iskandarning shoxi bor», degani bir quduq kerak manga» deydi. Shunaqa gʻalati gaplari bor edi. Koʻp gaplariga tushunmasdim.

Anvar «bu oddiy gap, har bir shoir haqiqatni aytishni istaydi. Rivoyatdagi sartarosh kabi aytolmay qiynaladi. Bir quduq topsayu aytsa, yuragini boʻshatib olsa...» demoqchi boʻldi-yu, Shoqayumning gap xaltasini battar kavlamay, deb indamay qoʻya qoldi. Shoqayumning gap xaltasi birov tegmasa ham qaynaverar edi. Anvar indamagani bilan gapi toshib chiqaverar edi. Anvar uning soʻzlarini uzuq-yuluq eshitardi. «Demak, koʻzimga koʻringan. Oʻtirgan yerimda uxlamay turib, tush koʻrganman. «Uchar likopchani koʻrdim», deganlar ham menga oʻxshab xayolan uchrashganlar. Bu — jinnilikning boshlanishi emasmikin?»
— Bu yerdan chiqib ketmay, yaxshi qilibsiz. Shu yerda qishlab, bahorning oʻrtalarida chiqish kerak. Bahorda quling oʻrgilsin odamlar kelishadi, zerikmaysiz.

«Qanaqa odam bu oʻzi! Jinnilarni masxara qilyaptimi? Tavba! Ishtoni yoʻqning ishtoni yirtiqqa kulgani shumi? Chiqib ketmasam boʻlmaydi bu yerdan».

Anvar Elchin ketganidan beri qayta-qayta «qolib toʻgʻri qildimmi?» degan savolni oʻziga-oʻzi berib «Toʻgʻri qildim!» degan qaysar javobdan nariga hatlamas edi. Shoqayumning ezmaligi bu qaysarlik toʻgʻonini buzib, «chiqib ketishim kerak!» degan tushuncha darvozalarini ochib yubordi.

V bob

1

Elchin Yangi yil kechasi Asadbekning qorongʻi, sovuq uyida boʻlib oʻtgan suhbatni Sibirda orttirgan oshnasi Zelixonga aytib berdi. Qirraburun, koʻzlari burgutnikidek oʻtkir Zelixon oʻy surganida ham nigohini bir nuqtada toʻxtatmas edi.
— Asadbek molodets! Visshiy klass! — dedi u. —Aniq topibdi. Endi u bilan hazillashib boʻlmaydi.
— Shoshilma, — dedi Elchin. — Boshqalar bilan ham xuddi shunday gaplashgan boʻlsa-chi. Shaharda nima koʻp, toʻda koʻp. Avval ularga qoʻl solgan. Keyin har ehtimolga qarshi mendan ham xavotiri borligini bildirib qoʻygan boʻlsa-chi?
— Baribir. Eng muhimi — seni nazaridan chetda qoldirmagan. Faqat oʻzi bilgan toʻdalarni kavlashtirganida ahmoq boʻlardi.
— Biz moʻljalni aniq oldik, muhimi — shu!
— Aniqlikka aniq, lekin sen yoʻlbarsning peshonasini moʻljalga olmading-da. Oʻqing qovurgʻasini yalab oʻtdi. Endi yarador yoʻlbarsdan qoʻrqishing kerak.
— Menga uning oʻlimi emas, yaralanib, azoblanib oʻkirishi kerak. Bir oʻq bilan oʻlishining keragi yoʻq.

Zelixon Elchinning yelkasiga qoʻl tashladi. Uning odati shu — mehri tovlanib ketsa, shunday qiladi.

Elchin Sibirdagi lagerga koʻchirilganda, hali «oʻqilon»ning ovozasi yetib kelmay turib, shu Zelixonning panohida jon saqlagan edi. Oʻzbekistondan kelgan, boʻsh-bayov koʻringan bu yigitni dastyorga, aniqrogʻi, qulga aylantirmoqchi boʻlgan zoʻravon mahbuslar Zelixonning «bu mening zemlyagim» degan gapidan keyin tinchishdi. «Senam musulmonsan, men ham musulmonman. Yonimda yur», degan gapi Elchinga «Men akangman» deganday tuyuldi. Choʻntakkesarlikdan ish boshlab, katta xazinaga hujum qilishgacha borib yetgan Zelixon turmalarning ham, mahbuslarning ham turli toifasini koʻrib koʻzi pishgan edi. U Elchinning birinchi marta qamalganini yurish-turishidanoq bilgan edi. To Elchinning oʻzi aytib bermagunicha qamalishi sababini soʻramadi. Elchin Sibirda yurganlarida toʻgʻri gapni yashirdi. Haqiqatni keyinroq, qamoqdan chiqqach aytdi. Rejasini amalga oshirish uchun ishonchli, mard odamlar kerak edi. Eng ishongani Zelixon boʻlgach, undan haqiqatni yashirolmasdi.
— Senga bir qarashdayoq yuragingda oʻch borligini sezganman. Erkakning oʻch olishi yaxshi. Chechenlar yomonlikni hech qachon kechira olmaydi. Biz mayda-chuyda gaplarga oʻralashmaymiz. Qasos yaxshi narsa. Dunyoning lazzati shu qasosda. Sen qasos olib mazza qilsang, men ham mazza qilaman. Ammo mensiz bir qadam ham bosmaysan. Sen atak-chechak qilayotgan bolasan. Men bu olamda yugurib yurib katta boʻldim. Qaysi teshikda ilon, qaysi teshikda chuvalchang yotishi menga aniq.

Chindan ham Zelixon biz jinoyatchi deb ataydigan odamlar olamining pastu balandini yaxshi bilardi. Birinchi marta choʻntak kesganidan to soʻnggi xazinani urganiga qadar yagona aqidaga amal qiladi — u faqat oʻzigagina ishonadi. Sheriklariga «Men hatto oʻzimga ham ishonmayman!» derdi. Bu gapida ham jon bor edi. Zelixon yolgʻiz ishlashni yoqtirardi. Lozim boʻlganda bir-ikki sherikka suyanardi. Uning qoidasiga koʻra, sheriklar koʻpaygani sayin ishning muvaffaqiyatli yakunlanishiga ishonch kamayib, aksincha, xoinlik uchun sharoit ortib boradi. «Ish taqdirini kuch emas, aql hal etadi». Zelixon faqat shu qoidani tan olardi. Elchin qasos haqida soʻz ochib, odam toʻplashni taklif etganida Zelixon «uch kishi yetarli» dedi. Jinoyatchilar olamining toʻs-toʻpolonini chiqarmoqchi boʻlgan Elchin bu gapdan hayratlandi. U atrofiga kamida yuz kishilik lashkar toʻplamoqchi edi. «Yuz kishi» degan gapni eshitib, Zelixon kulib qoʻydi. Keyin shu bolaning sazasi oʻlmasin, deb besh kishiga rozi boʻldi. «Qancha odam kerak boʻlsa, keyin sotib olaveramiz», deb koʻnglini tinchitdi.

Zelixon oʻttiz yildan ortiq ot surib yurgan boʻlsa, uch marta qoʻlga tushgan. Oʻsmirligida bir yarim yil, soʻng uch yil, oxirgi marta besh yilga kesilgan edi. Birinchisida ayb oʻzida, tan oladi. Qolgan ikkitasi sheriklarining landavurligi tufayli boʻldi. Barcha qilgan jinoyatlarini qamoqdagi kunlariga taqsimlab chiqilsa har bir ishi uchun besh-oʻn daqiqa oʻtirgan hisoblanardi.

Zelixonning laqabi «akademik» edi. Bunga sabab — u puxta oʻylab olib, soʻng ishga kirishardi. Uning boshqalardan farqi — odamlar ruhiyatini albatta hisobga olardi. Lozim boʻlganda katta idoralarga boshqa bir idora boshligʻiday bemalol kirib chiqaverardi. Eshik ogʻzidagi soqchiga kiborlik bilan soʻz tashlab, «ha, oʻtiribsanmi» deb kirib ketaverardi. Elchin uning bu «fazilati»ni shaharda uchrashganda bildi. Bir kuni Zelixon mashinasini kirish mumkin boʻlmagan koʻchaga burdi. Milisa tayogʻini koʻtargach, toʻxtadi-yu, tushmadi. Milisa lapanglab kelib, engashishi bilan oynani tushirib:
— Ha, turibsanmi, — dedi. Milisa javob qaytarishga ulgurmay yana savol berdi: — Leytenant qani?
— Sobirovmi? — dedi milisa yigit talmovsirab.
— Ha, oʻsha, nimaga lallayasan, qayoqqa ketdi?
— Hozir keladi.
— Menga uchrashsin.

Zelixon shunday deb mashinani yurgizdi. Milisa esa gardanini qashib qolaverdi.
— Sobirov deganingiz kim? — dedi Elchin.
— Qayoqdan bilaman, — dedi Zelixon kulib. — Senam milisaga oʻxshagan laqma ekansan-ku.
— Leytenantligini bildingiz-ku?

Zelixon qah-qah otib kuldi:
— Bularda nima koʻp, leytenant koʻp...

Zelixon shunday odam edi. Elchin Asadbekning qizi haqida gapirganida Zelixon koʻp ham bosh qotirmadi. Atrofida yurgan qizlardan birini ishga soldi. Qiz sirtqidan kunduzgi oʻqishga oʻtayotgan toliba qiyofasida Asadbekning qizi bilan darslarga kirib yuraverdi. Asadbekning qizini tanaffus paytida mashinagacha olib borgach, oʻsha kuniyoq Kavkaz tomonga uchib ketdi. Zelixon «qancha odam kerak boʻlsa, sotib olaveramiz», deganida shu qiz kabilarni nazarda tutgan, har bir ish uchun alohida odam yollash uning nazarida bexavotirroq edi.

2

— U seni oʻziga yaqin odamning qiziga uylantiradi. Shu bilan har bir qadamingni emas, har bir nafas olishingni ham kuzatishadi.
— Bu juda yaxshi! — dedi Elchin, — ular meni kuzatishadi, siz esa oshni pishirasiz.
— Men pishiraman, sen suzasanmi?
— Ha.
— Boʻlmaydi, zemlyak. Endi osh suzishing qiyin. Bir marta, bor, ana, ikki marta suzarsan. Uchinchisida oʻzingni suzib qoʻyishadi. Boshqa yoʻl topish kerak. Sen... men bilan endi yashirin uchrashma. Aka-ukaday kelib-ketib yuraver. Ammo yigitlarimiz bilan koʻrishmaysan. Sen ularni tanimaysan, ular seni tanishmaydi bildingmi? Sen ashulangni aytib yuraver. Asadbek rostdanam aqlli boʻlsa, bizga oʻzi yordam beradi.
— Qanday qilib?
— Qotillar kimligini oʻzi senga aytadi. Sen ularni oʻldirasan. Shu bilan orani ochiq qiladi.
— Laqillatib, boshqa odamni koʻrsatsa-chi?
— Yoʻ-oʻq. Oʻqilon gʻirromlik qilmaydi. Gʻirromga suyangan odam bu olamda uzoq yashay olmaydi. Oʻqilon— figura! — Zelixon shunday deb koʻrsatkich barmogʻi bilan havoda undov belgisini yasadi. — Sen meni goʻrga tiqasan, zemlyak. Ming marta aytdim senga: oʻch olish fikri aqlingni oʻtmaslashtirib tashlayapti. Chuqur oʻylamayapsan. Har bir ishga alohida reja tuzish kerak. Bir ish ikkinchisiga sira oʻxshamasin. Biz ularni chalgʻitib tashlamasak, darrov dumimizni bosishadi.

Zelixon xontaxta ustidagi shishadan piyolaga musallas quyib sipqordi, soʻng sigaret tutatdi. Chordana qurib oʻtirgan Elchin xuddi tasbeh oʻgirayotgan mulladek nigohini bir nuqtaga qadadi. U Zelixonning zehniga, sadoqatiga ishonar edi. Qamoqda yurgan kezlarida, vujudi qasos alangasida qovjirayotgan damlarda Elchin yoʻl-yoʻriq izlardi. U avvaliga bir oʻzi jangga kirmoqqa qasd qildi. Oʻsha mash’um kechada hovlisiga qadam qoʻygan har bir odamning kallasini sapchadek uzishni istadi. «Kallani sapchadek uzish» — aytmoqqa oson. Umrida chumchuq soʻymagan yigit odam bolasiga pichoq ura olarmikin? Elchin dushmani bilan yuzma-yuz kelganida qoʻllari qaltirashini bilib, oʻzini bu ishga ruhan tayyorladi. Xayolan yuzlab odamlarning yuragiga pichoq qadadi, kallasini uzdi. Zelixon qamoqdaligida koʻzlari chaqchaygan bir yigitni koʻrsatib «otasining kallasini arralab tashlabdi, hayvon» deganida Elchin bir necha kun davomida dushmanlariga shu jazoni ravo koʻrdi. Xayolan arralaganda ularning dod-faryodlari orasida arra tishlariga dosh berolmagan suyaklarning qirtillaganini eshitib oʻzi ham seskanib ketdi. Keyin «uyimga kirganlarning turqi balki shu yigitga oʻxshagandir», deb oʻylab dushmanlarini shu koʻzlari chaqchaygan timsolida koʻra boshladi. Ana shunda koʻkrakka pichoq qadash qoʻlidan kelmasligiga fahmi yetib, Zelixonga suyanishni oʻyladi. Zelixon odam oʻldirish, degan tushunchadan yiroq edi. Iloji boʻlsa birovning burnini qonatmasam, derdi. U «aql ish bermagan yerda qon toʻkiladi», deb hisoblardi. Zelixon faqat oʻz aqliga ishonadi. Qamoqdan keyin uchrashishib qasos haqida soʻz ochilganida u «yoʻlbarsni bir oʻq bilan oʻldirishning qizigʻi yoʻq, uni yaralab, oʻkirtirib lazzat olish kerak», dedi. Bu gap Elchinga moydek yoqqan, hozir shuni oʻz tili bilan Zelixonga qaytarmoqda edi.

Zelixon roʻparasida oʻyga choʻmib qolgan bu yigitni nima uchun yoqtirib qolganini oʻzi ham bilmaydi. Elchin istarali yigit, desak, Zelixon bunaqalarni koʻp koʻrgan, musofirlikda ikki musulmon farzandi bir-biriga suyandi, desak, qamoqda boshqa musulmonlar ham bor edi. Zelixon begunohlarga xayrixoh edi, desak, qamoq faqat gunohkorlarninggina boshpanasi emas, koʻzlariga «men nima uchun bu azoblarni tortyapman?» degan savol muhrlanib qolgan mahbuslar koʻp uchrardi. Zelixon qamoq, ayriliq azoblariga chiday olmasdan hoʻng-hoʻng yigʻlovchi erkaklardan nafratlanardi. Toʻgʻri, yigʻi erkakka xos husn emas. Ammo, Zelixon ularning dardini his qila olmas edi. Na farzandi, na tayinli xotini, na tayinli qarindosh-urugʻi boʻlgan odam sogʻinch hissini tuyishi mumkinmi? Elchinda Zelixonni nafratlantiradigan narsa yoʻq edi — Elchin oʻzining begunohligini koʻrsatishga harakat qilmas, nolimas edi. Bu yigitning mushtdek yuragini qoyadek dard bosib turganini Zelixonning sinchkov nigohi ilgʻadi. Zelixon dardini yashira oladigan odamni yaxshi koʻrardi. Hasratini har kimga toʻkib soluvchi erkakdan doʻst chiqmaydi, deb ishonardi.

Zelixon Elchindan qasos haqidagi gaplarni birinchi marta eshitganda sergaklandi. U mushtdek yurakni qoyadek dard bosib turibdi, deb yursa, bu vujudda vulqon kuch toʻplayotgan ekan. Vulqon otilsa hammayoqni barbod qiladi. Biroq otilgan choqda bahaybat togʻlarni poralab tashlagani kabi koʻkrakni ham, alamli yurakni ham tilka-tilka qilib yuboradi. Zelixon aynan shundan xavotirga tushdi. Qamoqda yurib hamma narsani oʻrgandim, degan bu goʻdak (Zelixonning oldida Elchin bir goʻdak edi) birinchi toʻqnashuvdayoq nobud boʻlishi aniq edi. Zelixon bu katta shaharga begona, bu tomonlarda rizq terib yeyish unga nasib boʻlmagan, qamoqda. Elchinning targʻibotidan keyin shu yerlarda yurgan edi. Qimorbozlikdan ish boshlab juda katta toʻdaga bosh boʻlgan, eng muhimi, biron marta boʻlsin qoʻlga tushmagan Asadbekning kimligini u yaxshi bilmas edi. Asadbek toʻgʻrisida yurgan gaplarga ishonmagan taqdirda ham, shahar hokimiga nisbatan koʻproq mavqega ega boʻlgan bu odam ahmoqmasdir, deb qoʻygan edi. Zelixon avvaliga Elchinni bu yoʻldan qaytarmoqchi ham boʻldi. U dunyoda uch narsa ochiq koʻzni koʻrmaydigan qilib qoʻyadi, deb hisoblardi. Bu — muhabbat oʻti, qasos oʻti va boylik oʻti. Zelixon muhabbat oʻtida yonmagan. Biron-bir qiz ishqida oʻrtanmagan. Muhabbat muammosi toʻshakda bir necha daqiqada hal etiladi, degan aqidaga amal qilib yashagan.

U boylik oʻtidan ham qoʻrqmaydi. Chunki u oʻgʻri boʻlgani bilan, hech mahal boylik toʻplashga urinmagan. Yashashi uchun aqchasi boʻlsa bas, boshqalarday dangʻillama imoratu orzu-havaslarga berilmagan. Shu yoshga kirib hali oʻz uyi boʻlmagan. Choʻntak boʻshab qolgan taqdirdagina «ov»ga chiqqan. Hatto qoʻlga tushib qamalib ketsam, chiqqanimda asqotadi, deb jamgʻarmagan ham.

Qasos oʻti bolaligida bir yonganu bobosining sa’y-harakati bilan oʻchirilgan edi.

3

Urush chechenlar yashaydigan qishloqlardan uzoqroqda boʻlsa ham uning sovuq nafasi ufurib turardi. Qishloqqa qoraxatlar bilan birga noxush mish-mishlar ham yetib kelardi. Mish-mishlar oqibatda haqiqatga aylanib butun qishloq bir kechada issiq uylardan haydab chiqildi. Bir hafta burun Zelixonlarnikiga qoraxat kelib aza ochilgan edi. Olti yoshga toʻlgan bola dam onasiga qoʻshilib yigʻlardi, dam bobosiga qoʻshilib qoʻlini fotihaga ochardi. U nima uchun aza ochilganini tushundi — otasini fashistlar oʻldirgan. Endi qotillarni kechirish mutlaqo mumkin emas! Zelixon — endi xunxoʻr! Tomirlarida chechen qoni oqayotgan olti yoshli bola ajdodlar qonunini bilardi. Unga na onasi, na bobosi «oʻch ol!» dedi. Bu gapni uning yuragi aytardi. Shunga aqli yetgan bola nima uchun uyqudan uygʻonishganini, ikkita tugunni orqalab tun boʻyi yoʻl yurishganini, soʻng poezdga chiqishganini bilmadi. Birov «fashistlar yaqin kelib qolishibdi, bizni asrashyapti», dedi. Bundan Zelixon ajablandi: fashistlar yaqin kelsa yaxshi-ku! Oʻch olish imkoni tugʻilgan ekan-ku?! Yana birov: «Ichimizdan sotqin chiqibdi, hammamiz shuning kasofatiga qolibmiz», dedi. Zelixon bunga ham ajablandi: qanaqa sotqin, nimani sotadi, qishloqda sotadigan nima bor?..

Uzun kechalar yoʻl yurib, nihoyat bir qishloqdan panoh topishdi. Uning koʻngli, koʻzlari togʻlarga, choʻqqilarga oʻrgangan edi. Bu qishloq togʻdan ancha uzoq ekan. Ammo bobosi ham, onasi ham shukr qildilar. Bir dehqon uyining yarmini boʻshatib berdi. Devor oʻrniga eski sholcha tortib yashayverishdi. Yetti yot begonaga ham muruvvat koʻrsatuvchi imonli odamlarga uchratgani uchun bobosi Ollohga shukrlar qildi. Yaxshiyam, bobosi turkchani bilardi, boʻlmasa kunlari imo-ishora bilan gaplashishga qolarmidi...

Zelixonning onasi betoblanib, ikki kungina yotdi. Uchinchi kuni uzildi. Bobosi dono edi. Ortiqcha kiyim-boshni qoʻyib, oʻlimligini olvolgan ekan, oʻziga emas, keliniga nasib etdi. Uch yil oralatib oʻzi qaytish qilganida kafanlikni shu uy egasi topib berdi.

Bobosi bir oydan ziyodroq yotdi. Uning umri tugagan, bu hayotdan nasibasi qirqilgan edi. Biroq, Xudoga yolborib yana bir-ikki oy umr soʻrardi. Begona yurtda gʻirt yetim boʻlib qolayotgan nabirasini ozgina boʻlsa-da, oyoqqa qoʻyib omonatini topshirsa, koʻzi ochiq ketmas edi. Nasiba qirqilsa, banda chorasiz ekan. Bobosi to soʻnggi nafasi chiqquncha Zelixonga nasihat qildi. Soʻnggi kechada, soʻnggi kuchini jamlab bir gap aytdi:
— Bolam, biz chechenlarmiz! Unutma! Chechenlar hech qachon oʻzlarini xor qilib qoʻymaganlar. Sen hech qachon nomardlarga boʻyin egma! Ammo yaxshilik qilganlarni umring ado boʻlguncha boshingda koʻtarib yur. Sen oʻz nomusing uchun jang qilmasang, kechiraman. Lekin senga yaxshilik qilgan oʻzbeklarning nomusi uchun jon bermasang, rozi boʻlmayman. Olloh ham seni kechirmaydi, bilib qoʻy! Oʻzbeklar ham biz kabi xorlangan ekan, vaqti kelsa joningni ayama...
— Bizni xoʻrlaganlardan qasos olaman! — dedi Zelixon. Toʻqqiz yoshli chechen bolasining tomirida qasos qoni koʻpirishi uchun yetarli asos bor edi. Bobo buni bilardi va shundan qoʻrqardi. Qasos oʻti bolaning koʻzini koʻr qilib halokat jari tomon yetaklashi muqarrarligini bilgani uchun ham qoʻrqardi.
— Zinhor! — dedi bobo, keyin koʻzlarini yumib tin oldi. U xoʻrlikni kechira olmaydigan chechen edi. Ayni choqda, musulmon ham edi. Cholning urishdan toʻxtay deb turgan yuragida armon bilan birgalikda qasos ham bor edi. Qasos — xoʻrlikdan, armon esa qasosning qiyomatga qolayotganidan. Chechen uchun xoʻrlikdan ham chorasizlik yomon. Ular chorasiz edilar. Toʻqqiz yoshli bola qasos olaman, deb qasam ichyapti. Ammo kimdan qasos oladi? Birgina shularning oʻzini haydab chiqarganlarida edi, soʻrab-surishtirib, aybdorni topardi. Agar bu moʻylovning (bobosi Stalinni «moʻylov» deb atardi) istagi bilan amalga oshirilgan boʻlsa boshini qaysi toshga urishi kerak?! Bobosi koʻzlarini yumib shularni oʻyladi. Uning bu oʻylari Zelixon uchun sir boʻlib qolaverdi.
— Zinhor, — dedi bobosi koʻzini ochib. — Bunday qasam ichma! Ota-onam goʻrida bezovta boʻlmasin, desang, tinch yur!

Uy egasi, eski doʻppining ustidan qiyiqcha bogʻlab olgan moʻysafid yarim piyola sutga toʻrt toʻgʻram non tashlab, bir tishlamini xastaning ogʻziga tutdi. Zelixonning bobosi labini qimtib bosh chayqadi.
— E, birodar, jonga darmon kerak. Nima deyayotganingizni anglamadim-u, ammo bolani qoʻrqitish yaramaydi. U hali hech nimani tushunmaydi.

Bobosi uy egasining maqsadini anglab, ogʻzini bazoʻr ochdi. Anchagacha tamshandi. Ammo nonni yuta olmay asta chiqardi. Koʻzlari bejo boʻldi.
— Bolam, sen bir aylanib kel, — dedi uy egasi Zelixonga.

Zelixon chiqib ketdi. Uy egasining nima uchun chiqarib yuborganini ulgʻayganidan soʻng fahmladi. Bobosining tamshanishi to hanuzga qadar koʻz oldidan ketmaydi. Bobosining rizqi tugaganmidi yo oʻlim oldidan birovning luqmasini yutishni istamadimi — bu Zelixon uchun muammoligicha qoldi.

Zelixon Elchin bilan shaharda uchrashganidan beri bobosining soʻnggi gaplarini koʻp eslaydi. Bir tomondan bobosi qasosga yoʻl bermay ketdi. Bir tomondan Elchin — oʻzbek, ularga ham boshpana, ham nasibasidan bir ulushini, hatto kafanligini baham koʻrgan xalq farzandi. Yana bir tomondan esa, Elchin qasos olmoqchi boʻlgan odamlar ham shu xalq farzandlari.

Alanga Zelixonni uch tomondan oʻrab kelardi. Bir tomon ochiq — qochoqlik, qoʻrqoqlik yoʻli. Chechenning eng nomardi ham bu yoʻldan yurmaydi. Zelixon Elchinni qasos yoʻlidan qaytara olmasligini bilardi. Zelixon qasosga sherik boʻlish uchun emas, balki Elchinni ajdaho komidan asrab qolish uchun ham uning yoniga kirdi.

Uch-toʻrt kishi boʻlib xazinani urish yoki biron boyni qaqshatish Zelixonga choʻt emasdi. Ammo Elchinning boshlayotgan ishi uni ancha gangitib, tashvishga soldi. U Asadbekdan choʻchidi, deyish boʻhton. Asadbekdan joni oʻziga shirin odamlar qoʻrqishadi. Shu paytgacha Zelixon jonini sira ayamagan. Uning tashvishi— maqsad sari bir-ikki qadam qoʻyganda bevaqt yiqilib qolish. Erkak odam bir ishga qoʻl urdimi, oʻlsa ham oxiriga yetkazib oʻlishi kerak — shu aqida asosida ulgʻaygan Zelixon boshqacha yoʻl tutolmas edi.

Zelixon piyoladagi musallasni sipqorib, nigohini bir nuqtaga qadab oʻtirgan Elchinni yelkasiga asta turtib qoʻydi.
— Zelixon yarim yoʻlda tashlab qochmaydi. Men — chechenman! Unutma! Asadbek senga uylan debdimi, uylan. Toʻyga tayyorgarlik koʻraver.

Bu gapdan keyin Elchin boshini koʻtardi.
— Oʻziga kuyov qilsa-chi?

Zelixonning rejasida ishning bu tomonga ogʻishi nazarda tutilmagan edi. Asadbekning qizini oʻgʻirlash, uning nomusiga tegish gʻoyasi Zelixondan chiqqandi. Ishni boshidan oxirigacha oʻzi pishitib bergan edi. Elchinning vazifasi qorongʻi uyda qoʻrquvdan titrab oʻtirgan qizning qoʻyniga kirish edi. Elchin birinchi kirganida «Oyijon!» deb oʻzini himoya qilgan, jonholatda tipirchilagan qizni yenga olmadi. Unga rahmi keldi. Agar qiz «otajon!» deb baqirganida koʻz oldiga Asadbekning qahrli nigohi kelib, balki koʻnglidagi rahmini parchalab tashlarmidi... Keyingi safar qiz «Oyijon!» deb baqirganda Noilaning nolasini eshitganday boʻldi. Qiz uning bagʻrida tipirchilaganda koʻkragiga pichoq qadalib jon talvasasida yotgan xotini koʻziga koʻrindi.

Oʻsha tun Elchin uchun sinov kechasi edi. U oʻch olishning azobini ham, lazzatini ham tatib koʻrdi. Lazzat shahvatini qondirishdan emas, balki dastlabki qasosning shirin suvidan edi. Azobi — nohaq jabr tortish nima ekanini totib koʻrgan yigit begunoh bir pokiza vujudni bulgʻadi.

Zelixon bu rejani tuzayotganida Elchining ikki oʻt orasida qovurilishini hisobga olgan edi. Chunki u birinchi marta begona odamning choʻntagiga qoʻl solganini, pulini olgandan soʻng uyatdan yonib ketay deganini hali-hali unutmaydi.

U Asadbekning fe’lini bilmas edi. Bunday voqeaga qoʻl siltab qoʻyadimi yo kuyib-oʻrtanadimi — bu Yaratganga ayon boʻlmasa, Zelixon uchun qorongʻi edi. Uning nazarida Asadbek — ota. Qizining nomusiga befarq qaraydigan ota bu yurtda yoʻqdir. Ayniqsa, koʻpning nazarida turgan odam nomusiga befarq qaramas. Toʻgʻri, uning oldida shoʻrlik qizi haqida ogʻiz ochishga jur’at etmaydilar. Lekin pana-panada visir-visir boʻlishini Asadbek sezmasmikin? Gap-soʻzlarga barham berishning eng toʻgʻri yoʻli — uni turmushga uzatish. Kuyov kim — Elchinmi?

Zelixon Elchinning soʻzlaridan keyin oʻzini Asadbekning oʻrniga qoʻyib koʻrdi. Oʻzini marhamatli, odamparvar koʻrsataman, desa «qamalib chiqqan otarchi»dan hazar qilmay, yelkasiga kuyovlik sarposini yopadi. Misqollab toʻplagan obroʻ-e’tiborini oʻylasa— bu ishga qoʻl urmaydi. Xoʻsh, Asadbek uchun qay biri qadrli? Zelixon bu muammoga javob topa olmadi. Bu savolga javobini oradan kunlar oʻtib Asadbekning oʻzi aytdi.

VI bob

1

Sharif garang edi. Koʻrgani, eshitgani tushmi yo oʻng ekanini farqlay olmas edi. Dam badaniga halovatli, huzurli kuch hukm oʻtkazadi. Bunday paytda u bulutlarga yonboshlab olib osmonda suzadi. Ba’zan esa qandaydir koʻrinmas bir kuch temirchining omburi bilan yuragini siqa boshlaydi. Ana shunda dunyo koʻziga tor boʻlib ketadi. Esini taniganidan beri koʻrgan xoʻrliklarini, alamlarini, tashvishlarini eslaydi. Eslab turib «omburingni qattiqroq siqsang-chi, bu yurakni biratoʻla vayron qilib yubora qolsang-chi», deb nola qilganini oʻzi ham bilmaydi.

Sharif hozir ham shu ahvolda edi. Ikki qavatli karavotning yuqorisida yuztuban yotib, dardli bir toʻlgʻoqni boshidan kechirar edi. Birovlarni onalari duru gavhar ustida tugʻib, zarhal choyshablarga yoʻrgaklaydi. Sharif esa, oʻzining nazarida, alamlar tikonzori ustida tugʻilib, tashvish choyshabiga yoʻrgaklangan. Birovlar bu dunyo ne’matlaridan toʻyib bahramand boʻlish uchun tugʻilgan boʻlsa, Sharif, oʻzining nazarida, bu dunyodan nafratlanish uchungina tugʻilgan. Goʻyo poki Parvardigor uni yaratib «mana, qarab qoʻy, bu dunyoda havas qiladigan hech nima yoʻq», deganu Sharif tugʻilganidan beri mana shu haqiqatni qadam-baqadam anglab borayotganday. Bu dunyoda hamma narsa oʻlchovli, hamma narsaning cheki-chegarasi mavjud. Alqissa, Sharifning boshiga yogʻilayotgan abri balo ham oʻtay deb qoldimi? Bu bulut uning boshiga ham turli alamlarni, gʻussalarni yogʻdirdi. Eng soʻnggi balo — oʻlim urugʻimi, qamoqda chirish qismatimi?

Sharifning badaniga titroq yugurib, tan azobi ruh azobini quvib chiqara boshladi. Eng chekkadagi karavotda qarta oʻynab oʻtirgan davraning dam jimib qolishi, dam asabga teguvchi gʻoʻngʻillashi, dam baland ovozda gap talashishlari ham tumanli ufq bagʻriga singib ketdi. Koʻngli aynib, a’zoyi badani qaqshadi. Goʻyo ichiga katta ilon kirib olib, buralib, toʻlgʻona ketdi. Sharif shu yoshga kirib sira bu holga tushmagan edi. Tumov kabi ne’matlardan el qatori bahramand boʻlib yurardi. Ammo bunaqa azobli dardni sira tortmagan edi. «Oʻladiganga oʻxshayman, — deb oʻyladi u. — Ichimda buralayotgan jon boʻlsa kerak. Jon chiqishi shunaqa ogʻirmi?» azoblar mavji bir oz pasaygan damda otasini esladi. Otasi muloyim gapira turib jon taslim qilgan edi. Goʻyo gapdan horib picha tin olish uchun koʻz yumganday edi. Oʻshanda «oʻlish ham oson ekanda», deb qoʻygandi. Hozir bu dunyoni tashlab ketish oson emasligini angladi.

Sharif hayotdan toʻygan banda emasdi. Toʻgʻri, u toʻyib yeb-ichmadi, tarallabedodlar unga nasib etmadi. Agar shularga intilsa, balki erishardi. Nolimay yashadi, oʻz ishini bildi. Shu ahvolda boʻlsa ham yana uzoq yil umr koʻrishni istardi. Ammo nachora... kuni bitganga oʻxshaydi.

«Kunim bitganga oʻxshaydi...» Sharifning xayoliga bu fikr qattiq oʻrnashib olgan edi. Soqchi orqali doʻxtir chaqirishni oʻylamasdi. Bu dard oʻlim darakchisi emas, balki mastligida tomiriga yuborilgan qoradorining xumori ekani xayoliga ham kelmas edi. Tergovchining gaplari, bilagidagi igna izi oqibatda bunchalar azoblarga qoʻyishini oʻylab koʻrmagan edi. U giyohvandlarning telba koʻzlarini, qiynoqdan toʻlgʻonishlarini televizorda koʻrgan, ammo bu ahvolga tushib qolish mumkinligini bilmas edi.

Uning bukchayib titrashi, oʻqchishi xona burchagida qimor oʻynab oʻtirgan yigitlar diqqatini tortdi. Ulardan biri Sharifga yaqinlashib peshonasida toʻzib yotgan sochini siqimlab, boshini koʻtardi-da, yarim ochiq koʻzlariga qaradi.
— Paxan oʻzimizdan ekan-ku, — dedi u sheriklariga qarab. — Nima qilamiz?
— Ishing boʻlmasin, — dedi toʻrda oʻtirgan kishi.
— Odam qilib qoʻya qolay, haqqini toʻlar? — dedi yigit.

Toʻrda oʻtirgan kishidan sado chiqmadi. Yigit oʻzi yotadigan karavot tomon yurdi. Yostigʻini koʻtarib, tuguncha oldi. Tugunchada em ignasi, ikki qarich ingichka rezina ichak bor edi. U Sharifga yaqin kelib usta hamshiralarday rezina ichakni Sharifning bilagiga oʻradi. Soʻng boʻrtib chiqqan tomirga igna sanchdi.

Sharifni azoblar tark etdi. Ichidagi ilon ham tinchidi. «Jonim chiqib ketdimi?» deb oʻyladi. U rohat quchogʻida suza boshladi.

Shirin tushlar adogʻiga yetib mast uyqudan uygʻonish vaqti yetdi. U koʻzini ochib picha karaxt yotdi. Qamoqda ekani, azob bilan toʻlgʻongani tush emas, haqiqat ekani ayon boʻlgach, yostiqdan bosh koʻtardi. Temir panjarali deraza ortida tunning qora basharasi koʻrindi. Ikki qavatli temir karavotlarda mahbuslar uxlab yotishibdi. Xona burchagi odatdagiday bedor. Ular Sharifning uygʻonganini darrov sezishmadi. Sharif qaddini koʻtarib oyoqlarini pastga osiltirib oʻtirganidan keyin davradagi bir yigit oʻrnidan turdi.
— Ha, paxan, ahvol qandoq, zoʻrmi? — dedi u Sharifga yaqinlashib.

Sharifga uning yuzi tanish koʻrindi. «Qaerda uchratgan ekanman?» deb oʻyladi.
— Pastga tushing mundoq, hisob-kitob qilib qoʻyaylik.

«Nimani hisob-kitob qilarkan», deb oʻyladi Sharif.

Yigit Sharifni eshik tomon boshladi. Yuvingich yonidagi qoʻpol qutini imlab dedi:
— Oʻtirib yozing, paxan. Kennayimga bizadan salom eting. Ertaga beshtagina kusok tayyorlab qoʻysinla.
— Tushunmadim, — dedi Sharif, — kusogingiz nima?

Yigit rostdan tushunmadimi yo laqillatyaptimi, deb oʻylanib, unga qattiq tikildi. Keyin qoʻpol ohangda:
— Besh ming, — dedi. — Ertaga besh ming soʻm yetkazib bermasa tilla tishlaringni sugʻurib olaman.
— Menda... tilla tish yoʻq, — dedi Sharif soddalik qilib.
— Qani, ogʻzingni och-chi?

Sharif yigitning amriga boʻysindi.
— I-e, — yigit ajablandi, lekin boʻsh kelmadi, — unda kallangni sugʻurib olaman. Besh mingga arziydimi oʻzi bu kalla?
— Ogʻayni, uyda besh mingim yoʻq mening. Men...
— Gapni choʻzma. Yoz xatingni. «Besh ming topib bermasang, meni oʻldirisharkan», deb yoz. Agar bu ham senga yetmasa, bola-chaqang bilan qirib yuboramiz. Besh ming topiladi, bola-chaqa topilmaydi!

Sharif chinakamiga qoʻrqib ketdi. Bu yigit hazillashayotganga oʻxshamaydi. Sharif bunday qahri qattiq odamlarning qilmishlarini koʻp eshitgan. Odamning kallasini olib huzur topadigan bu bandalar shunchaki poʻpisa qilishmaydi. Sharif yigit uzatgan qalamni olib ikkitagina jumla yozdi: «Onasi, menga besh ming juda zarur. Xatni olib borgan odamga topib ber». Yigit xatni oʻqib jilmaydi.
— Vey, paxan, odam ekansan-ku, a? — deb yelkasiga urib qoʻydi-da, eshikni taqillatdi. Darcha ochilib soqchining yuzi koʻringach, xatni uzatdi.
— Shu akaxonimizning xatlari bor ekan, berib qoʻying, duo qilamiz.

Sharif bu holatni koʻrib lol qoldi. Bu yigit kim oʻzi — mahbusmi yo turmaning egasimi? «Har holda pachakilashmaganim durust boʻldi», deb oʻziga taskin berdi. Yigit uni davraga boshladi. Sharifga ham qarta uzatdilar.
— Men... oʻynamayman... bilmayman, — dedi Sharif kartani nari surib.
— Bilmasang, oʻrganasan, bundan oson ish yoʻq. Erkakmisan oʻzing? — dedi yigit qat’iy ohangda. Soʻng Sharifning oldiga bir siqim pul qoʻydi. — Bu qarz. Haligidan tashqari.

Sharif avvaliga bir oz yutdi. Yigit unga maslahatchi boʻldi. Soʻng yutqiziq boshlandi. Qarzga berilgan bir siqim gʻijim pul uchdiyu ketdi. Davradagilar hotamtoy edilar, bu bechoraga rahm qilib qarzga oʻynashga rozi boʻldilar. Tongga qadar «Sharif boyvachcha» oʻttiz ming soʻmlik qarzga botib, oʻrnidan turdi.
— Kennayimga yana bir xat yozasan. Pul uch kunda shu yerda boʻlishi kerak, — dedi yigit. — Boʻlmasa...
— Bilaman, — dedi Sharif, — molim ham, jonim ham talonda.
— Ha, barakalla, bor, yozaqol.

Soqchiga yana bitta xat berildi. Sharif oʻrniga chiqib yotib oʻyga toldi. Boshi berk koʻchaga kirib qoldi desak, uncha toʻgʻri boʻlmas. Boshi berk koʻchaga kirib qolgan odam orqasiga qayrilib qaytib chiqib ketishi mumkin. Sharif nazarida boshi berk koʻchaga kirib qolmadi, balki naq jahannamning oʻziga quladi, endi ortga yoʻl yoʻq. Shu yerda kuyib kul boʻlishi kerak. Oʻzi-ku kuyib kul boʻlishga mahkum etilgan ekan, oilasini nima sababdan jahannam oloviga roʻpara qildi? Sharif mana shundan dogʻda edi. Endi nima qilsin? Tergovchiga aytsinmi? U ham bularning odami boʻlsa-chi? Tergovchining koʻrinishi binoyi, oʻzini rahmdil, haqiqatparvar qilib koʻrsatyapti. Biroq... hamma baloni shular boshlaydi — Sharifning birinchi uchrashuvdan chiqargan xulosasi shu.

Yangi yilning birinchi kuni Sharifni oʻttiz minglik qarz botqogʻiga botirdi. Xotini bu pulni qaerdan topadi, kimlarning ostonasiga bosh uradi — oʻylab oʻyiga yetolmadi. Puldor qarindosh-urugʻi, oshna-ogʻaynisi ham yoʻq. Sinfdoshlari orasida boyvachchalar bor, lekin ularni haromxoʻr deb bilib, hatto hazar qilib bordi-keldini yigʻishtirib qoʻygan edi. Endi ular yordam berisharmikin?

Nonushtadan keyin Sharifning tungi «ulfatlari» dam olish uchun karavotlariga choʻzilishdi. Ularga xalaqit berishning qanday oqibatga olib kelishini barcha bilarmidi, har holda aytadigan gaplarini pichirlab aytishdi, yursalar oyoq uchida, tovush chiqarmay yurishdi. Tunda horigan mahbuslar peshingacha uxlab, xuddi kelishib olganday bir vaqtda uygʻonishdi. Bir-ikkitasi yuz-qoʻlini yuvgan boʻldi. Qolgani turiboq, bir esnab, bir kerishib tunda egallab oʻtirgan joyiga bordi. Tartibli idora xodimlariday, xizmatni bir daqiqa kech boshlasa qiyomat yuz beradiganday jam boʻlib olishdi. Lekin oʻyinni — xizmatni boshlashmadi. Idoralardagi «besh daqiqalik majlis» kabi bularning ham izdihomi mavjud edi. Idoralardan farqi— bu yerda majlis bir-ikki soat emas, bir-ikki daqiqa davom etardi. Toʻrogʻasining gapi qisqa edi:
— Olib kelishmabdimi?

Javob undan ham qisqa:
— Vaqt oʻtdi.

Hukm undan-da qisqa:
— Boshla.

Sharif talvasada yotganida unga jon ato etgan yigit oʻrnidan turib eshik yaqinidagi karavotga yaqinlashdi. Karavotda uzala tushib yotgan goʻshtdor odamni turtdi:
— Tur oʻrningdan, toʻnka! — deb baqirdi. Xonadagilar hozir dahshatli voqea yuz berajagini fahmlab, nafas yutdilar. Karavotdagi odam — oʻttiz besh yoshlardagi baqaloq yigit — pinakka ketgan ekanmi, qaddini koʻtardi-yu, ammo nima gap ekanini anglamay, javdirab qaradi.
— Soatingga qara, bir boʻldimi? Oʻn ikkiga yetkazishing kerakmidi?
— Olib kelishadi, gap yoʻq, okaxon.
— Qani, ogʻzingni och.
— Jon okaxon, Xudo ursin, olib kelishadi.
— Och deyapman!

Yigit elanavergach, davradan bir odam turdi-da, unga yaqinlashib boshini changalladi. Xuddi tarvuz tanlayotganday qattiq siqdi. Yigit ogʻriqqa chidayolmay dodladi. Shunda u odam ikkita barmogʻini yigitning burniga tiqib, bir qoʻli bilan pastki jagʻini pastga tortdi. Yapaloq ombir bilan yigitning tilla tishlarini bir-bir sugʻurib oldilar. Mahbuslar, jumladan Sharif ham oraga tushishga qoʻrqib, hech narsani eshitmaganday, sezmaganday jim yotaverdilar. Tashqaridagi soqchilar esa, dod-faryodga ahamiyat ham bermadilar. Sharif bu manzarani koʻrib titrab ketdi. «Buning-ku, tilla tishlarini sugʻurib oldilar. Meni nima qilishar ekan?» degan oʻy uni «oʻzimni oʻldirsam qutulamanmi shu azoblardan», degan toʻxtam sari boshladi.

2

Zohid Sharipov prokuratura joylashgan imoratning roʻparasidagi katta chinor yonida turgan ayolni darrov tanidi. Uning shunday fazilati bor — bir koʻrgan odamini ancha vaqtdan keyin ham darrov taniydi. Egniga odmi, bir oz uringan palto kiyib, jun roʻmol oʻrab olgan bu ayol — Sharif Namozovning xotini — Nasiba edi. Bu hol Zohidni ajablantirmadi. Xibsga olinganlarning yaqinlari milisaxonaga, prokuraturalarga qatnayverib tinkalari quriydi. Ayollar yoʻl poylab, koʻz yosh toʻkib charchashmaydi. Erlarining yoki otalarining, aka-ukalarining begunoh ekanini isbotlashga urinishadi. Bu faryodlarga qarab turib, «faqat begunohlar qamalar ekan-da», deb fikrlash mumkin. Zohid hozir ham shu hol takrorlanadi, deb oʻyladi. Xotinni koʻrmaganga olib oʻtib ketmoqchi ham boʻldi. Lekin oʻzi sezmagan qandaydir kuch uni bir nafas toʻxtatdi. Ayolning harakatga kelishi uchun shu bir nafaslik toʻxtash kifoya edi.
— Sizda gapim bor, — dedi ayol siniq ovozda.
— Yuring, — dedi Zohid.

Ayolga sovuqroq muomala qilgani oʻzining ham gʻashini keltirdi. «Bu xotin necha soatdan beri sovuqda turgan ekan, gapi bordirki kutgan... Erining aybi yoʻqligini oʻzim ham sezib turibman. Bu bechoraga nima uchun xoʻmraydim?» Zohid imoratga yarashmay turgan kichkina peshayvonga chiqib ortiga oʻgirildi. Nasiba «kelib toʻgʻri qildimmi yo adashdim-mi?» deganday bitta-bitta bosib chiqardi.
— Kennoyi, yuravering, — dedi Zohid.

Bu gapdan keyin ayol sal dadillandi. Mashoyixlar «soʻz xanjar boʻlib jonni olishi ham, tiriklik suvi boʻlib oʻlikka jon berishi ham mumkin», deganlariday, Zohidning «kennoyi» deyishi ayoldagi xavotir bulutini bir oz tarqatdi.

Oʻtgan kuni peshinda bir yigit kelib: «Sharif akamgila xat berib yubordila», deganida xufton dili birdan yorishib ketdi. Ammo «Besh ming berib yubor», degan gapni oʻqib ajablandi. Xayoliga urilgan narsa — pulni milisadagilar soʻrashgan, degan fikr boʻldi. Yigit yana kelajagini bildirib, tezda iziga qaytdi. Kecha esa oʻttiz ming soʻralgan maktubni oʻqib, eti uvishib ketdi. «Agar shu pul evaziga chiqarib yuborishsa, uyni sotib boʻlsa ham topib beraman», degan qarorga keldi. Keyin fikri bir oz tiniqlashgach, «pulni kim soʻragan boʻlishi mumkin?» deb oʻylay boshladi. Oʻsha kuni uni ikki yigit soʻroq qildi. Biri sharttakiroq edi. Oʻsha soʻradimi? Keyingisi prokuraturadanman, degan edi, yo oʻshanisiga kerakmi bu pul?

Nasiba, garchi ma’lumotli ayol boʻlsa-da, huquq ilmidan butkul begona edi. Milisaning vazifasi — ushlashu qamash, prokuraturaning vazifasi — qoralash, sudning ishi — hukm chiqarish, degan yuzaki tushuncha barcha oʻzbeklar singari unga ham yoʻldosh edi. Oʻylagan oʻylari ham shu tushunchalar atrofidan nari siljimas edi. Prokuratura faqat qoralash emas, haqiqatni oydinlashtirish ishi bilan ham shugʻullanishi lozimligini bilmasa-da, pul soʻrasa shular soʻraydi, degan fikr uni Zohid bilan uchrashishga da’vat etdi. «Soʻraydigan boʻlsa oʻzimga aytsin, nimaga odam qoʻyadi», deb tongotarda yoʻlga chiqdi. To Zohid koʻringuncha ming xayolga bordi. «Oʻzimni qamab qoʻysa-ya», deb qoʻrqdi ham. Zohid sovuqqina qilib «yuring», degach, «ha, shu soʻragan, kelganim yoqmadi», deb, kutganlariga pushaymon yedi. Ammo «kennoyi» degan soʻz umid ham berdi. «Bu emasdir», degan ilinj bilan qadamini tezlatdi.

Zohid Nasibaga joy koʻrsatib, oʻzi ham oʻtirdi. U ayolning erimda ayb yoʻq, deb gap boshlashini kutib, «qulogʻim sizda», deganday qaradi. Ayol daf’atan tilga kirmadi. Uning nimadandir oʻngʻaysizlanayotganini Zohid sezdi.
— Kennoyi, bir gap boʻldimi, erta sahardan kelib turibsiz?
— Yoʻ-oʻq, — Nasiba shunday deb Zohidning koʻziga bir qarab oldi. Dilidagini aytish yoki aytmasligini bilmay yana ikkilandi. — Bilay deb keluvdim.
— Tergov endi boshlandi. Sizga bir nima deyishim qiyin.
— Rostdan ishonyapsizmi shunga?
— Biz dalillarga ishonamiz. Uyingizdan qoradori chiqqan. Bu eringizga qarshi bir dalil. Agar uni biror odam qasddan tashlab qoʻygan desak, bunga ham dalil kerak, guvoh kerak. Agar shu ishga oid biron gapingiz boʻlsa, ayting.
— Gapim yoʻ-oʻq... — Nasiba aytmasa, hozir chiqib ketishi lozimligini bilib, soʻzida tutila-tutila maqsadga koʻchdi. — Oʻzimda yoʻq, lekin qarindosh-urugʻ qarab turmas. Bir haftada olib kelsam... dalil topiladimi?

Zohid avvaliga tushunmadi. Keyin ayolning maqsadini fahmlab joni chiqib ketay dedi. Odamlarning pora taklif etishi uning uchun yangilik emas. Akasining oʻlimi va sud jarayonlari davrida ishga pul aralashganini sezib qanchalar iztirobga tushgan boʻlsa, keyinroq bu xizmatga oʻtib pora bilan yuzma-yuz kelgach, undan beshbattar qiynoqlarga uchradi. Pora degan narsa bir qaraganda koʻrinishi yoqimtoy, tili shirin, onasi oʻpmagan qizga oʻxshaydi. Bu qiz ishvali jilmayib, koʻz qisib, nuqul toʻshakka imlaydi. Hatto chol odamni ham boʻydoq yigit holiga solib qoʻyadi. Yelkadagi shayton tinmay shivirlab, «uning quchogʻiga otil», deydi. Ammo bu ishvalar, bu shivirlar Zohidga hukm oʻtkaza olmaydi. Chunki oʻsha ishva bilan uning orasida akasining ruhi bor. Ishvaga uchsa —akasining murdasini bosib oʻtgan boʻladi. Zohidning sergak ongi bunga yoʻl qoʻymaydi.

Hozir pora taklif etayotgan bu juvonga qarab, gʻazabini ichiga yutdi. «Bu ayol chaynalib gapiryapti. Umrida birovdan oʻzi uchun bir narsa soʻramagan, ta’ma qilmagan odam shunaqa boʻladi. «Men sizga shuncha beray, erimni qoʻyib yuboring», deyishga andishasi yoʻl bermayaptimi?»
— Sizga bu gaplarni birov oʻrgatdimi yo oʻzingiz oʻylab topdingizmi?

Zohidning ovozida qahr, gʻazab zohir edi. Nasiba bu yigitning tez oʻzgarishini kutmagani uchun bir seskanib tushdi, tamom oʻzini yoʻqotdi.
— Bunaqa gaplar uchun...

Nasiba yigʻlab yubormay, deb pastki labini tishladi. «Mayli, meni ham qamay qoling. Sizlar begunoh odamlarni qamash, mayib qilish, xoʻrlash uchun dunyoga kelgansizlar. Sizlar biz bechoralarning koʻz yoshlarini, jigar qonlarini tilla togʻlarga aylantirasizlar. Harom non yeb qorinni qappaytirasizlaru yana bizlarga doʻq urasizlar?!» degan hayqiriq koʻkragini ezdi, ammo boʻgʻzidan nariga koʻtarilmadi. Dardi ichida qolaverdi. Haqiqatni aytish shunaqa qiyin. Ayniqsa nopok odamlarga (Nasibaning nazarida Zohid ham nopoklardan edi) bas kelish mushkul. Undan koʻra oʻttiz besh ming soʻmni topib berish osonroq. Nasiba «bu yigitga bekor uchrabman. Endi oʻrtaga qoʻygan odami bilan gaplashaveraman», degan fikrga kelib joyidan qoʻzgʻoldi.
— Kennoyi, kim nima desa soʻziga uchavermang. Besh qoʻl barobar emas. Oʻylab ish qiling.

Zohidning muloyimlashgani juvonni yana oʻrniga qaytardi.
— Axir xat olib kelishdi-ku? — dedi ajablanib.
— Qanaqa xat?

Nasiba choʻntagida gʻijimlab turgan xatni chiqarib uzatdi. Zohid shoshib olib oʻqidi.
— Dastxat eringiznikimi, aniqmi?
— Oʻzlariniki, xatlarini tanimaymanmi?

Zohidga voqea ravshanlashdi. U turmalardagi ahvolni bilardi. Lekin juvonga xatning yozilishi tarixini aytolmasdi. Aytsa, bu xotinning esi ogʻib qolishi hech gapmas.
— Siz... uyingizga boring. Bu ishni bizga qoʻyib bering. Agar pulni soʻrab kelishsa, ikki soatdan keyin keling, dengu menga xabar bering.

Zohid gapini tugatishi bilan eshik ochilib, bashang kiyingan yigit kirib keldi. Zohid prokurorning yordamchisi bilan yaqin aloqada boʻlgan bu tergovchini tanirdi, ammo hamsuhbat boʻlmagan edi. Uning xonaga beruxsat kirib kelib, yana oʻtirib olishi gʻashini keltirdi. Nasibaga «boravering» deganday qarab qoʻydi. Juvon oʻrnidan turganida yigit uni toʻxtatdi.
— Kechirasiz, opa, siz kim boʻlasiz?
— Bu kishi Namozova, suhbatga chaqirgan edim, — dedi Zohid sovuq ohangda.
— E, anavi bechoraning xotinimisiz? — dedi yigit achingan odamday. — Eringizni tushunmovchilik bilan qamashibdi. Bugun qoʻyib yuboramiz.

Ayol tushimi yo oʻngi ekanini bilmay tamom gangidi.
— Siz ketavering. Osh-posh pishguncha eringiz uyingizga kirib boradi.
— Rostmi... voy...
— E, odamlarga yaxshi gap aytsang ham ishonishmaydi-ya! Prokuror yordamchisi hozir buyruq berdi. Eringiz ozod. Tezroq boring uyingizga.

Ayol ajablanib, Zohidga bir qarab oldiyu xonadan shoshilib chiqdi.

Zohid juvonning savol nazariga javob berishga ojiz, chunki uning hayronligi ham ayolnikidan kam emasdi.
— Gapingizga tushunmadim? — dedi Zohid, ayol chiqib ketishi bilan.
— Vinzavod direktori prokuror yordamchisiga kelib hammasini oʻzi tashkil qilganini boʻyniga oldi. Namozov begunoh. Sizga shuni aytgani kiruvdim. Ovora boʻlib qogʻoz titib yurmang. Omon boʻling, oshna.
— Direktor tuhmat qilgan boʻlsa...
— Bu yogʻi bilan ishingiz boʻlmasin, — yigit shunday deb, chiqib ketdi.

Zohid qanday oʻyin boʻlayotganini bilolmay hayron qoldi.

3

— Namozov!

Dilgir oʻtirgan Sharif soqchining amrli ovozini eshitib oʻrnidan qoʻzgʻoldi. Qamoqxonada ezilib oʻtirish durustmi yo tergovchi bilan uzundan-uzun suhbat qurishmi — bilmasdi. Tilla tishlari sugʻurib olingan odam ihrashlarini bas qilgan, ammo uning zorli ovozi Sharifning quloqlariga muhrlanib qolgan edi. Kap-katta erkak odamning soʻyishga mahkum etilgan buqaday oʻkirishi, soʻng tul xotinday piqillab yigʻlashi, keyin omonatini topshirishga qasd qilgan, soʻnggi nafaslari bilan ihranayotgan bemor kabi ovoz chiqarishi faqat Sharifga atalganday edi. U boʻkirganda ham, yigʻlaganda, ihranganida ham Sharifga «Koʻrib qoʻy, sening boshingga ham shu tushadi. Seni azoblashdan avval menda tajriba oʻtkazishyapti. Sening tilla tishlaring yoʻq, itdan battar xor boʻlasan», deganday boʻlar edi. Sharif uchun bir narsa qorongʻi — bu odam jon azobida ingrayaptimi yo mol achchigʻidami? Har holda tillaning narxi hozir falon pul...

«Ish kuni» qarta oʻynidan iborat boʻlgan odamlar esa oʻz yumushlari bilan band. Oʻrtadagi bir tutam pul goʻyo shu qamoqxonadagilar taqdiri yozilgan hukm qogʻozi. Oʻy surib yotgan, bir-biri bilan past ovozda gaplashib qoʻyayotgan, qattiq yostiqqa yuzini bosib pinhona yigʻlayotgan katta-kichik erkaklarning har biri istalgan paytda pul oʻrniga tikilishi mumkin. Bu yerdagi mahbuslarning ishlari ham tergovda. Sudgacha hali fursat bor. Qimor oʻynovchilar tergovchi va hakamlarga nisbatan tez ishlaydilar.

Sharif oʻziga atalgan hukm va ijroning qanday boʻlishini oʻylab, ezilib oʻtirganidi, soqchi uni chaqirdi. Sharif yarim ochiq eshikka yaqinlashib orqasiga oʻgirilib qaradi: burchakdagilarning u bilan ishlari yoʻq, muhim muammoni hal etolmay garang boʻlayotgan olimlar kabi jim oʻtirishibdi. Goʻyo soqchining ovozini eshitishmagan, goʻyo Sharifni qulogʻigacha qarzga botirishmagan. Hatto koʻngil uchun ham bir qayrilib qarab qoʻyishmadi-ya!

Soqchi dahlizdagi sherigiga Sharifni topshirib, oʻzi eshikni sharaqlatib yopdi. Sharif temir zinalardan pastga, undan hovliga chiqdi. U tergovchi bilan uchrashuvga hozirlangan edi. Soqchi Sharifni ikkita stol qoʻyilgan chogʻroq xonaga boshlab kirdi. Qaldirgʻoch moʻylovli yigit Sharifga faqiriga mensimay qaragan podsho kabi ilkis nazar tashlab qoʻydi. Podsholar bunday paytda faqirning ta’zim bajo aylashini, tiz choʻkishini, tizzalab yurib kelib oyoqlarini oʻpishlarini kutganlar. Bu moʻylabli yigit qadim shohlarning faqat nazarinigina olgan, qolgan udumlardan «feodal sarqiti» sifatida voz kechgan deyish mumkin emas. Agar Sharif hozir tiz choʻksa, faqirga lozim boʻlgan ishlarni bajarsa, bu «koʻngli boʻsh» azamat yigit yoʻq demasdi. Har holda bu yigitning oʻzi hukmdor boʻlmasa-da, qarashlari va aytar soʻzi shohona edi.
— Namozov, siz ozodsiz. Ayblaringiz isbotlanmadi.

Sharif prokuratura tergovchisi bilan suhbatdan keyin «bu bir anglashilmovchilik boʻlsa kerak, tekshirib chiqarib yuborishadi», deb umid qilgan edi. Qamoqxona eshigi har ochilganda yo soqchi tirqishdan moʻralaganda «meni chaqirisharmikin», deb najot koʻzi bilan qaragan odam «Siz ozodsiz» degan soʻzni eshitib ishonmadi. «Siz falon jinoyatni qilishda ayblanasiz» deyish ham, «Siz ozodsiz!» deyish ham shunchalar osonmi? Dunyoning lazzatini faqat ilm bilan shugʻullanishda va oqibatda nimadir kashf etishda deb bilgan odamga bu idora, uning xodimlari, ularning muomalalari gʻalati tuyulardi. Odamni bu darajada xoʻrlash, bu darajada kalaka qilish, bu darajada tepkilash mumkinligini tasavvuriga sigʻdirolmas edi. Bu xoʻrliklarni oʻz koʻzi bilan koʻrib, tanasida his etgan boʻlsa ham, ishongisi kelmasdi. Hozir qaldirgʻoch moʻylabli yigitning yana bir marta «Siz ozodsiz», deyishini kutdi. Ammo yigit onasidan kamgap boʻlib tugʻilganmi, yo unga rahbarlari «faqat bir marta aytasan bu soʻzni» deb qattiq tayinlashganmi, yo bu shirin soʻzning qimmati falon soʻmu bu pulni toʻlashga Sharifning qurbi yetmasligini bilgani uchunmi — har holda takrorlamadi. Shunda Sharifning bagʻri yondi. Noshukur banda! Rahmat, deb chiqib ketavermaydimi?! Hozirgina oʻlimiga rozi boʻlib oʻtirgan odam birdan haqiqatni aytgisi kelib qoldi. «Nimaga meni bu azobga giriftor qildinglar, nima haqlaring bor edi, qilgʻiliqni qilib qoʻyib, uzr soʻraydigan tillaring uzilib tushganmi?!» demoqchi edi. Soʻz boshladi ham:
— Nimaga...

Har tugur yigit gapirgani qoʻymadi:
— Nimagaligini uyingizga borganda bilasiz. Yaxshi odamlarning nazari sizga tushibdi. Boʻlmasa urugʻ-aymogʻingiz bilan qamoqda chirirdingiz. Boring, gapni choʻzmang, — yigit shunday deb bir parcha qogʻoz uzatdi.

Sharif qogʻozga qoʻl uzatgan edi, orqasidagi soqchi chaqqonlik qilib, qogʻozni undan avvalroq oldi-da, yelkasiga «yur» deganday turtib qoʻydi.

Sharif darvoza eshigidan tashqariga chiqib ikki-uch qadam yurgach, toʻxtab, oʻgirildi. Tepasi sim toʻsiqli devor balandligini chamalaganday uzoq tikildi. Shu payt yonida sutrang «Jiguli» toʻxtab, xayolini buzdi. Oʻzini chetga olishiga ulgurmay mashina eshigi ochildi.
— Oʻtiring, okaxon, — dedi jingalak sochli yigit, mehribonlik bilan.
— Rahmat, uka, ovora boʻlmang, — dedi Sharif. U «yigit biror tanishimning yo ukasi yoki oʻgʻli boʻlsa kerak, tasodifan koʻrib qoldi», deb oʻyladi. Qamoqdan chiqa solib tanishga uchraganidan hatto xijolat boʻldi. Odamlar aybi bormi yo yoʻqmi deb mulohaza qilib oʻtirishmaydi. «Qamoqda oʻtirib chiqqan», deb, ola qarashadi.
— Oʻtiring, — dedi Jamshid. Bu safar uning ovozida mehribonlik emas, qat’iylik, amr ohangi zohir edi. Garangsib turgan Sharif buni sezmadi. Jamshidning atayin kutib turgani ham uning xayoliga kelmas edi.
— Men eski shaharga boraman, — dedi Sharif.
— Oʻtiring, oʻsha yoqqa ketyapman.

Sharif «unda mayli, sizni ovora qilmas ekanman», deb mashinaga oʻtirdi. Tanish yigitlar hech boʻlmasa hol-ahvol soʻrab qoʻyishardi. Bu esa miq etmay ketyapti. Sharif shundan ajablanib, soʻradi:
— Uka, sizni tanimayroq turibman?
— Tanimaysiz. Bir yaxshi odamni duo qilavering. Shu odam sizga muruvvat qilmasa, qamoqda chirib ketardingiz.

«Yaxshi odamlarning nazari tushibdi...» Sharif qamoqxonadagi qaldirgʻoch moʻylovli yigitning gapini esladi. Kim ekan u yaxshi odam, nima uchun unga muruvvat qilyapti? Sharif yaxshilik qilishi mumkin boʻlgan tanishlarini bir-bir eslashga urindi. Uning tanishlari orasida bunchalar qoʻli uzun odam yoʻq edi. Qilich Sulaymonov-chi? Avval qamoqqa tiqib, soʻng olib chiqib qudratini koʻrsatib qoʻymoqchi boʻldimi? Shu fikr Sharifga toʻgʻriday tuyulib, soʻradi:
— Yaxshi odam... Qilich Sulaymonovmi?

Yigit javob bermadi.
— Asadbekmi?
— Sergap odam ekansiz! — yigit shunday deb jerkib berdi.

«Demak, oʻsha», degan qarorga keldi Sharif. Odam bolasining dushmani oʻz tili, deganlaridek, tili jilovsiz boʻlgani uchun Sharif koʻp pand yerdi. Uning zoʻr ilmlarga yetgan aqli oddiy haqiqatni tushunishga qosirlik qilib qolar edi. Kambagʻal yashashi, ilmda olgʻa siljishda qiynalishi, unvonlardan benasib qolishi va nihoyat, qamoqqa tushishida suyaksiz tilning koʻp xizmatlari borligini tushungisi ham kelmas edi. Xotini zorlanib «tilingizni tiyibroq yuring», degan paytlarida «Men indamay ketadigan qul emasman», deb oʻjarlik qilardi. Boyvuchchalarning oʻtkir hidli atirini sepib, yasanib olgan bu jingalaksoch yigitning «sergap ekansiz», deb jerkib berishidan uning oʻjarligi tutdi.

Yoʻldan koʻz uzmay kelayotgan Jamshid orqasiga oʻgirilib, unga ajablanib qarab oldi.
— Qanaqa oʻttiz ming?
— Vaqti kelganda bilib olasiz, — dedi Sharif uning boyagi gapiga taqlid qilib.
— Bilib olamiz, xotirjam boʻlavering, — dedi Jamshid uning pichingiga e’tibor bermay.

Jamshid mashinani Sharifning eshigi oldida toʻxtatdi.
— Ortiqcha valaqlamay, boshingizga gʻalva orttirmasdan uyingizda jim oʻtiring. Ertaga ishga chiqasiz. Yaxshilab bilib oling, okaxon: sizni panohiga olgan odam kerak boʻlsa oʻttiz mingdan oʻttiz mingtasini boshingizdan sochadi. Agar uni xafa qilsangiz, urugʻ-aymogʻingiz bilan, oʻttiz bir ming tomiringizni quritib tashlaydi.

Sharif eshikni ochib, bir oyogʻini yerga qoʻygan damda bu gapni eshitib toʻxtadi. Tarang tortilib turgan asab tomirlari battar qaqshadi.
— Meni qoʻrqitmang, — dedi ovozini koʻtarib.

Jamshid, uni hayron qoldirib, javob bermadi. Sharif battar tutaqib, tili kalimaga kelmay qoldi. «He onalaringni...» deb soʻkinib mashinadan tushdi-da, eshikni qarsillatib yopdi.

Sharif deyarli soʻkinmas edi. Soʻkingan taqdirda hech boʻlmasa jagʻi yorilishi mumkinligini ham bilmasdi. Baxtiga u endi Asadbekning odamiga aylandi. Hozir «onangni...» deyishi nima ekan, buning yoniga amma-xolalarini, opa-singillarini qoʻshib soʻkkanida ham Jamshid lom-mim deyolmasdi. Jamshid Asadbekni koʻpga hotamtoylik qilishini biladi. Uning nazarida xoʻjayini Sharifni shunchaki panohiga oldi. Xoʻjayinning e’tiboridagi odamga ola qarash mumkin emasligi unga oyday ravshan. Unga yana bir narsa aniq — buyruqni ado etish chogʻida begonalar bilan gaplashmasligi, ayniqsa, piri Asadbek haqida biron soʻz aytmasligi shart. Hozir Sharifga poʻpisa qilib shu shartni buzdi. Sharifning gapidan achchiqlanib, «xoʻjayin oʻttiz ming soʻraydigan gadoy emasligi»ni bildirib qoʻyish uchun chegaradan chiqqanini oʻzi ham sezmay qoldi. Chegaradan hatlashga hatladi-yu, soʻng afsuslanib, mum tishladi. Sharifning haqoratiga parvo qilmay oʻtirishining ikkinchi sababi shu.

Sharif eshikni yopishi bilan «Jiguli» poygachi mashinalarday siltanib qoʻzgʻoldi. Yoʻlni avaylabgina qoplayotgan qor toʻzgʻib ketdi.

Sharif eshigi oldida turib qoldi. Oppoq gʻishtdan qurilib savlat toʻkib turgan imoratlar qatoridagi somon suvoqli pastak uyi koʻziga yetim boladay mungʻayib koʻrindi. Nazarida egasi qamoqqa olib ketilganidan soʻng uyi sharmandalik yukini koʻtarolmay choʻkibroq qolganday tuyuldi.

Tuhmatdan qamalib, soʻng ozodlikka chiqqan odam quvonchini ichiga sigʻdirolmay, baxtidan yonib, hazor-hazor shukrlar qilib uyiga uchib kirishi kerak. Sharifda esa bunday baxt, bunday quvonch yoʻq edi. U davlat qamogʻidan qutulgani bilan, koʻrinmas toʻrga chirmab tashlanganini, bu toʻr uni oqibatda batamom halok etishini sezib turardi. Mana shu sezgi uni ozodlik baxtiga begona qilib qoʻygandi. U yelkasidagi dard yuki bilan ostona hatlab hovliga kirdi. Yoʻlakda bittagina iz — qor uchqunlari hali bu izni koʻmib ulgurmagan — demak, Nasibasi yaqinda koʻchadan qaytgan.

Hovli etagida «oshxona» nomi bilan zikr etiluvchi bostirmaning eshigi zorlanib ochilib, Nasiba chiqib keldi. U eri tomon bir-ikki qadam qoʻydi. Soʻng nima qilarini bilmay tosh kabi qotdi. Keyin beixtiyor ravishda yugurib kelib, Sharifni quchoqlab oldi.

Oq gʻishtli dangʻillama uylarni, duru gavharlarni orzu qilmay yashayotgani, qozonlari bozor goʻshti qanday boʻlishini bilmay, muzlagan goʻshtga ham qanoat qiluvchi, halol yashamoqlik zahmatini barcha lazzatlardan afzal koʻruvchi, boriga shukr qilib umr kechirayotgan bu ikki bandaning tili gapga kelmas edi. Ular «gunohimiz nima ekan?» degan jumboqqa yechim izlashar edi. Yaratganning oldida ularning gunohlari yoʻqdir, deyolmaymiz, beayb — parvardigor. Bizning fikri ojizimizcha, boshlariga kulfat solgan «gunoh»larning eng ulugʻi — «oʻynashmagin arbob bilan...» degan hikmatni unutganlarida. Zamonlar oʻzgaradi, tuzumlar oʻzgaradi, podsholar kelib ketaberadi, bular — dunyoning ustidagi liboslar. Eski koʻylak ustiga yangisi kiyilgani, vujud, qalb, insof, vijdon esa oʻzgarmay qolabergani kabi, foniy dunyo aslini oʻzgartirmaydi. Xalq yaratgan hikmatlar ham aslicha yashayveradi. Avvalambor Sharif, qolaversa Nasibaning koʻp narsalarga yetguvchi aqli, fahmi-farosati shu nuqtaga yetganda andak ojizlik qilgani uchun ham bu kichik kulfat tuzini totib koʻrishdi.

Nasiba erining kirib kelishi tushi emas, oʻngi ekaniga ishonch hosil qilgach, uni bagʻridan boʻshatib, uyga boshladi. «Bolalarni olib kelmadingmi?» dedi Sharif ostona hatlab ichkari kirgach.

Nasiba labini tishlab, bosh chayqadi. Shu kunlar ichi huvillayotgan uyda yolgʻiz oʻtirish unga oson kechmadi. Ammo yolgʻizlik azobidan «dadam qanilar?» degan savolga javob qaytarish ming chandon ogʻirroq edi. Bu savol uni ilon kabi chaqishi, nazarida hatto jonini ham sugʻurib olishi mumkin edi. Oʻzi aytmagan taqdirda ham, bolalari koʻchadan eshitishardi. Dadalarining qamoqda oʻtirgani murgʻak qalblarni ezib tashlamasmidi? Nasiba shuning uchun bolalarini onasinikidan olib kelmagan edi. Sharif buni tushundi. «Yangi yil kechasi ham yolgʻiz oʻtiribdi-da, bechora», dedi oʻzicha.

Nonushta mahali ham boʻlib oʻtgan noxushlikdan soʻz ochmadilar. Ikkovi bir-biriga qarab-qarab qoʻyib, nomigagina non tishlab, choy hoʻplab oʻtirdilar. Er-xotinning ishtahasi yoʻq edi. Ular ilk marta yolgʻiz qolib bir-biriga aytishga soʻz topolmay iymanib oʻtirgan kelin-kuyovga oʻxshashardi.

Sharif Nasibadan savollar kutardi. Nasiba «erim oʻzi gapirar», degan ilinjda edi. Nojoʻya savol bilan erining diliga ozor yetkazishdan choʻchirdi.

Barcha koʻrguliklariga «fosh qilaman» deb doʻq urgani sabab boʻlganini tushunib yetgan Sharifning xotiniga bu haqda gapirish niyati yoʻq edi. Shu birgina poʻpisa uchun qamoqqa tiqib qoʻya oladigan zotlar fosh qilishga kirishilgan taqdirda qaerga olib borib tiqib qoʻyishi mumkinligini xotini bilsa, dahshatdan yuragi yorilib ketishi hech gapmas.

Sharif jonini saqlab qolishning birdan-bir yoʻli tilning bevoshligiga barham berishi lozimligini angladi. Uni qiynayotgan narsa — bilagidagi igna izlari, qamoqda xuruj qilgan tan azobi. Hademay yana bosh koʻtaruvchi bu azobga endi dosh bera oladimi? Yo giyohvandga aylanib qoladimi? Mana shu fikrning oʻziyoq uni dahshat toʻrida ushlab turardi.

VII bob

1

Jalil uyiga qaytdi-yu, ammo tinchini yoʻqotdi. Asadbek boshiga bir ogʻir ish tushganiga amin boʻlib, tashvishlandi. Hali «falonchini otib ketibdi», hali «falonchini yoqib ketishibdi», degan vahimali mish-mishlar bosh koʻtarayotgan tahlikali kunlarda Asadbekday odamning ham joni qil ustida ekanini Jalil yaxshi tushunardi. Avvalo gʻanim qasd qilmasin. Qasd qilsa birov uning jonini saqlab qololmaydi. Atrofini oʻnta ishonchli yigit oʻrab tursa ham bitta oʻq sigʻadigan tuynukcha topilib qolar. Shunday ekan, bu oʻyinga kirganlarning umri xotimasi aniq. Asadbek shuni sezdimi? Yuragi sezgani uchun birodari bilan vidolashib olmoqchi boʻldimi? Asadbekning bevaqt chorlovi Jalilni bu fikr iskanjasiga topshirdi.

Jalilning nazarida televizordagi bejirim lablari kulib turgan qiz-juvonlar, tirjayib turib ashula aytayotgan xonandalardan tashqari butun el tashvishga burkangan edi. Hamisha miriqib koʻradigan tomoshalari bu kech unga yoqmadi. «Yangi yil kutish» degan gap ham birdaniga erish tuyuldi. Kuyovi bilan piyolani choʻqishtirib qoʻydiyu aroqni ichmadi. Doimo zavq beruvchi farzandlar davrasi ham tatimadi. Yuragi tars yorilguday boʻlib oʻrnidan turib ketdi. «Tobim qochdi», deb xonasiga kirib choʻzildi. «Tinchlikmi, adasi, oʻrtogʻingiz tinchmilar ishqilib», deb kirgan xotiniga bobillab berdi.

Soat oʻn ikkida farzandlari bir-bir kirib yangi yil bilan tabriklab chiqishdi. Qoʻshni xonada tongga qadar televizor sayradi. Jalil tongni it azobida kutdi. Chala-yarim nonushta qilib, ota mahallasiga joʻnadi. Asadbekning bolaligi oʻtgan hovli eshigi ichkaridan tanbalangan, demak, chiqib ketibdi. Jalil uyiga kirib ukasini yoʻqladi-yu, Asadbeknikiga qarab yoʻl oldi.

Oʻrtogʻi uyiga kelmabdi. Manzura odatiga xiyonat qilmagan ravishda yerdan koʻzini uzmay soʻrashdi.
— Tinchlikmi, oʻzi kelin?
— Tinchlik, — dedi u past ovozda. Bu oilaga samimiy munosabatda boʻluvchi eng yaqin odamning Jalil ekanini, hatto unga ham oila sirlarini ishonib aytish mumkinmasligini Manzura biladi. Koʻz yoshi toʻkib hasrat daftarini ochgisi keladi. Ammo... eri aytmagan sirni u aytolmaydi...
— Agar tinchlik shunaqa boʻlsa, gʻalvasi qanaqa boʻlarkan, — dedi u iziga qaytayotib. — Galvars eringizga ming marta aytdim, shu ishlarni yigʻishtir, deb.
— Oʻrtogʻingizni bilasiz-ku...

«Ha, bilaman, — deb oʻyladi Jalil, — Xudo unga boylik berganu tariqcha aql bermagan. Million soʻmi yoʻqlar qirilib ketyaptimi, shuncha boylik kammi unga, goʻriga ortmoqlab boradimi? Lahadda boshiga bittagina guvala qoʻyiladi, pul qoʻyilmaydi, shunga farosati yetmaydimi?..»

Shu gaplar xayoliga keldi-yu, ammo ayolga qarab vaysashdan oʻzini tiydi. Shu topda eshikdan Asadbek kirib kelsa, shu zahar gaplarni ayta olarmidi? Aytish ham gapmi?! Xoʻsh, shaharni yotqizib-turgʻizish qoʻlidan keladigan Asadbek-chi? Eski yuz soʻmlikni uzoqdan koʻrib qolgan, yangisi chiqqanini koʻrish u yoqda tursin, hali eshitmagan oddiy ishchining haqorat chegarasini ham bosib oʻtib ketuvchi soʻzlariga nima deydi? Jalil gapira-gapira joʻshib ketsa, shartta biqinini chimchilaydi yo songa shapatilab urib qoladi — shunda Asadbek nima qiladi? Kayfiyati yaxshi boʻlsa — kulib qoʻya qoladi. Hatto oʻrtogʻining bu qiligʻidan yayraydi. Bolalik damlari esiga tushib shirin entikadi. Bolaligida bir roʻshnolik koʻrmagan boʻlsa ham vujudiga rohat oʻrmalaydi... Jalil zaharga bulab otayotgan soʻz oʻqlariga kayfiyati nobop paytida duch kelsa ham gʻazablanmaydi. Oʻzini bosadi. «Ha, qiligʻi sovuq» deb toʻngʻillab qoʻyadi... Shunday ekan, Jalil ichini yondirayotgan gaplarini Manzuraga aytadimi yo soqchi yigitlargami, yo Asadbekning oʻzigami — farqi yoʻq, soʻzlar samoga sochilgan oʻqlardek samara bermaydi.

Jalil Manzuraga qaradi-yu «xayr» deb tashqariga chiqdi. Endi qayoqqa borishini bilmay garangsidi. Katta koʻchaga qadar kalovlanib bordi. Soʻng pishillab toʻxtagan avtobusga chiqib uyiga ketdi.

2

Asadbek oshnasinikiga deyarli kelmas edi. Toʻy-ma’rakalarda birrov kelib ketardi. Jalilning bolalari, ayniqsa kuyovi, Asadbekning nomini eshitishgan, ammo oʻzini yaxshi tanishmas edi. Shuning uchun eshik qoʻngʻirogʻi tugmasini bosib yoʻqlagan bashang kiyimli kishini koʻrib, ajablanishdi. To Qamara — Jalilning koʻz ochib koʻrgan xotini chiqquncha Asadbek ostonada turdi. Qamara uni koʻrib hayratlandi.
— Jalil uydami? — soʻradi Asadbek.
— Yoʻgʻidilar... Ertalab chiqib ketuvdilar... Bugun birinchi... Siznikiga ketdilarmi, debman.

Asadbek ikkilanib oʻtirmay kirdi. Mehmonxona yigʻishtirilmagan edi. Qamara Asadbekning kirishi mumkinligini tasavvur ham qilmagani uchun shoshib, dovdirab qoldi.
— Kennoyi, siz bezovta boʻlmang. Men hozir ketaman, — dedi Asadbek urinib qolgan divanga oʻtirib. U kira solib divanning oyogʻi oʻrniga gazetaga oʻralgan gʻisht qoʻyilganini koʻrgan edi, shu sababli ehtiyot boʻlib choʻkdi.
— Voy, ovorasi bormi, siz har kuni kelib yuribsizmi? Kecha nevaracham bir yoshga toʻldi. Shuning uchun hamma yigʻilgan edi.

Kecha... oʻttiz birinchi dekabr... Asadbek Qamaraga yalt etib qaradi. Ayolning gapi unga ukasi Samandarni eslatdi. Samandari ham oʻttiz birinchida tugʻilgan edi. Bir yoshga toʻlganida bunday tantana yoʻq edi. Tanchada oʻtirib, qora nonni iliq suvga botirib qorinni toʻqlash — ular uchun katta bayram boʻlgan oʻshanda. Jalilning uyiga yozilgan dasturxon ham Asadbek qarichi bilan oʻlchansa — xarobgina tantana. Lekin har kimning qarichi har xil. Dasturxon ustiga bir tishlam qotgan non qoʻyilsa ham, atrofiga farzandlar yigʻilsa toʻkin dasturxondan fayzliroq boʻlib ketadi.
— Nevarangizning oti nima! — deb soʻradi Asadbek.
— Oʻrtogʻingiz kitob qarab Samandar deb qoʻyganlar. Oʻt-olovni ham pisand qilmaydigan gʻalati qush boʻlarkanmi-e... Qudalari «Ulugʻbek» deb qoʻymoqchi ekanlar. «Hey, dadasi, bolaga ismni qiz tomon qoʻymaydi», desam ham «Hammayoqni bek bosib ketdi, bitta Samandar boʻlishi kerakmi yo yoʻqmi!» deb qaysarlik qilib turib oldilar. Baraka topgur, qudamiz juda yaxshi odam-da. Xoʻp, deb koʻnib qoʻya qoldilar...

Qamaraning oyoq-qoʻli ham, tili ham chaqqongina edi. Choʻloq divanda kim yastanib oʻtirganini unutib gapga tushib ketdi. Uning soʻzlari Asadbekning qulogʻiga kirmadi. «Samandar» degan ismni eshitiboq koʻz oldi xiralashdi. Tomogʻiga bir nima tiqildi. Yarim soat burun pulining koʻpligidan esini yoʻqotgan vinzavod boshligʻining taqdirini bir soʻz bilan hal etgan Asadbek oʻzini benihoya ojiz banda ekanini his etdi. «Hatto shu gʻalcha xotinning baxti ham yoʻgʻa menda, — deb oʻyladi. — Nevara koʻrsam, ismini Samandar qoʻyaman, deb yuruvdim. Jalil ilib ketibdi. Kitob koʻrib qoʻyganmish... Jalil oʻzini haqgoʻy deydi. Men uni noshud deyman. Baxt noshudlarga kulib boqarkan-da? Shu noshud qizini kuyovga uzatib, nevara koʻrib, xursandchilik qilib oʻtirsa... Men shunday ham boʻlolmasam... Na akam, na ukam bor. Faqat... pulim bor. Bu noshudning puli yoʻq. Ammo ukalari, kuyovi, Samandari bor... Men hashamdor uyda yashayman, uyimni dev yigitlar poylashadi. Bu noshud oyogʻi siniq divanda yonboshlab yotib, oʻlaman deb turgan televizorni tomosha qiladi. Eshigi hamisha ochiq... Koʻngli ham ochiq... Yangi divanni, rangli televizorni orzu ham qilmaydi... Nega orzu qilmaydi?! Odam ham shunchalik noshud boʻladimi! Oʻziga kerak boʻlmasa, bolalariga lozim-ku! Bolalarining koʻngli sinmaydimi! Nevarasi shu choʻloq divanda yotib, shu xira televizorni koʻrib ulgʻayishi kerakmi? Ablah, noshud!» Yuragi ezilib oʻtirgan Asadbekni birdan gʻazab chulgʻadi. Shart oʻrnidan turdi.
— Hozir kelaman, — dedi Asadbek, — choyingiz qaynaguncha qaytaman.

Qamara bu gap shunchaki koʻngil uchun aytildi, deb oʻylagan edi. Mehmonxonani yigʻishtirishga ulgurmay, Asadbek qaytgach, battar shoshilib qoldi. Qamara mehmonning ulugʻligini hisobga olib, ohori toʻkilmagan yangi dasturxon yozdi. Kuyov chiqib Asadbek bilan qoʻsh-qoʻllab soʻrashdi-da, choy quyib uzatdi. Hashamdor uylarda, toʻkin dasturxonlar atrofida oʻtirishga koʻnikkan Asadbekka qogʻozlari sargʻayib, ayrim yerlari koʻchib tushgan uyda choy ichish boshqa payt boʻlganda malol kelardi. Uning hozirgi kayfiyati aynan shunday sharoitni qoʻmsardi. Gʻarib koʻngil, gʻarib uyni sogʻingan edi.

Bir soatdan keyin Jalilning uyi besaranjom boʻlib qoldi. Besh-olti odam baravar bostirib kirib avval choʻloq divanni, soʻng stol-stullarni, soʻng xira televizorni olib chiqib ketishdi. Oʻrniga yangi divan, yangi stol-stullar, rangli televizor qoʻyildi. Qamara «Voy, oʻlmasam, voy, qiziq boʻldi-ku», deyishdan boshqa soʻz topmadi. Asadbek bu oʻzgarishlarga aloqasi yoʻqdek, pinagini buzmay turardi.

Jalil uyiga qaytganda hamma ish saranjom boʻlgan edi. U Asadbekka zahrini sochishga ulgurmadi. Qoʻrqqan oldin musht koʻtarar, deganlaridek, Asadbek ostonada oʻqrayib turib qolgan oshnasiga qarab baqirdi:
— Gʻing desang, abjagʻingni chiqarib tashlayman, bu senga emas, Samandarga, tugʻilgan kuniga sovgʻa!

Jalil Asadbekka bir nima deya olmadi, ammo xotiniga qarab oʻqraydi. Qamara oʻziga qanday shirin gaplar atab qoʻyilganini fahmlab, labini tishladi.
— Senga nima boʻldi? — dedi Jalil, Asadbekka tikilib, — paytavangga qurt tushganini bilib turibman.
— Mening paytavamga emas, sening miyangga qurt tushgan, — Asadbek shunday deb Qamaraga qarab qoʻydi. U erkaklar gaplashayotganda ayol kishining atrofda ivirsib yurishini yoqtirmas edi. Qamara Asadbekning maqsadini anglab, tezgina chiqib ketdi. Asadbek shundan soʻng gapini davom ettirdi. — Nevara koʻribsan, ismini Samandar qoʻyibsan, oradan bir yil oʻtibdi... Asad degan oʻrtogʻim bor edi, xursandchiligimga sherik qilay, ukasining oti ham Samandar edi, nevaramga ot qoʻyishda bir soʻrab olay, deyishga aqling kaltalik qildimi? Tiling bir qarich. Birovga soʻz bermaysan-u, shunaqa narsalarga kelganda kallang ishlamay qoladi, xom oshqovoq!

Jalil unga qarab jilmaydi. Hozir uning qarshisida faqat Xudogagina bas kelolmaydigan Asadbek emas, koʻp jabru jafolarni birga tortgan, bir koʻchani changitib, bir yamoq koʻrpani tepishib katta boʻlgan oshnasi oʻtirardi. Asadbekning ovozida amr ohangi ham, qahr ham yoʻq edi. Asadbekning bu odati Jalilga ma’lum. U dunyo tashvishlaridan ezilib, bolaligini qoʻmsagan paytlarida Jalilni toptirib kelib shu ohangda gap boshlaydi. Ikki oshna soatlab gaplashib oʻtirishadi. Suhbat a’yonlarning ishtirokisiz boʻladi. Zarur ish bilan kelgan Kesakpolvon ham, Chuvrindi ham ularning suhbatini buzishga jur’at qila olishmaydi. Bunaqa paytlarda a’yonlar matbuot xabarlariga taqlid qilib «ikki prezident yuzma-yuz uchrashdi. Xalqaro ahvolning muhim masalalari kelishib olindi», deb hazillashishadi. Yopiq eshik ortidagi «xalqaro ahvolning muhim masalasi» — yongʻoq oʻyinida chiqqan janjalning «tinch yoʻl bilan hal etilgani»dan boshlanib, bitta kalishni galma-gal kiyib maktabga qatnash chogʻida yuz bergan sarguzashtlarni eslash bilan yakunlanadi.

Jalil Asadbekning bugun bu xususda gaplashish niyati yoʻqligini bildi. Agar Hasanning oʻng biqini ogʻrisa, Husanniki ham ogʻriydi, deganlaridek, Asadbekning yuragini tirnayotgan darddan Jalil bebahra qolishi mumkin emas. Asadbek dardini ichiga yutmoqchi. U otasi olib ketilgan kundan beri isyon yoʻliga kirgan, ammo ochiq-oydin hayqirish, shiorlar koʻtarib maydonga chiqish yoʻlidan bormay, arqonni uzun tashlab, dardni ham, gʻazabni ham ichiga yutib asta ish koʻrishni oʻrgangan edi. Jalilning yoʻli boʻlak — oʻychi oʻyiga yetguncha tavakkalchi uyiga yetadi, qabilida ishni dangal bitirishga odatlangan. Hozir ham oshnasining gapni maydalashiga toqat qilolmadi.
— Yorilsang-chi! — dedi u jerkib. — Mendan boshqa dardkashing bormi?

Asadbek Jalilga tikildi. Xuddi roʻparasidagi odamni birinchi marta koʻrayotgandek tikildi. Gapirish oson. «Yorilish» — xotinlarga xos. Erkak dardini aytguncha toʻlgʻoq azoblarini boshidan kechiradi. Ayniqsa Asadbekni ezayotgan dard birovga aytgulik emas. «Qizimni oʻgʻirlab ketib, keyin tashlab ketishibdi», deyishga til aylanadimi? Erkaklik nomusi, ori bunga yoʻl qoʻyadimi? Kecha Jalilni atayin yoʻqlatdi-yu, dardini aytolmadi. Bugun ertalab vinzavod boshqoni taqdirini hal etib uyga ketaman, deganda tashqarida savdo rastasi xoʻjayiniga yoʻliqdi. Xoʻjayin savdo ahliga xos tavozelik bilan soʻrashib, ikki qoʻlini koʻksiga qoʻyib: «Bagʻringiz toʻlib, xursand boʻlib qoldingizmi?» dedi. Asadbek «Ha» ham, «Yoʻq» ham demadi. Unga bir oʻqraydi-yu, mashina eshigini ochdi. Bu odam qizining qaytganini eshitib, tabriklagani kelgan. Oʻzicha bu odamgarchilikka kiruvchi fazilat, odat. Asadbek uning laganbardorligidan bir gʻashi kelgan boʻlsa, befahmligidan bir gʻazablandi. Qizini kimlardir oʻgʻirlab ketib, qandaydir ahvolda tashlab ketishadiyu u xursand boʻladimi? Qiziga tegishmagan boʻlishsa-ku, xoʻp-xoʻp... Yoʻqsa... tirik qaytarishmagani ming marta afzal emasmidi... Asadbek mashinaga oʻtirgach, xayolida boshqa gap oʻrmaladi — bu odam is olibdimi, demak, koʻpchilik biladi. Bugun kechgacha shaharga tarqasa ham ajab emas. Nima qilish kerak? A’yonlari bilan ish yuzasidan maslahatlashadi. Ularni shu paytgacha oila sirlari, tashvishlariga tortmagan. Asadbek uchun oila — muqaddas. Har kimning ham tumshuq suqaverishini xush koʻrmaydi. Chuvrindi uylangan yili «oilaviy boʻlib oʻtirib turaylik», deganda, Asadbek «xotiningni bozorga solmoqchimisan», deb gapni kalta qilgan, shu-shu oilaviy bordi-keldi masalasi qayta tilga olinmagan edi. Ularning xotinlari faqat yoʻqlov, toʻy va ma’raka bahonasida koʻrishishar, «esonmisiz-omonmisiz»dan nariga oʻtishmas edi. Shunday ekan, qizining endigi taqdirini a’yonlar bilan maslahatlashishi mumkinmi?

Asadbek Jalildan joʻyali maslahat chiqar, degan ilinjda emas, balki taskin ilinjida kelgan edi.
— Mish-mishlarni eshitgandirsan? — dedi Asadbek, oshnasidan koʻz uzmay.
— Men mish-mish orqalab yuradigan xotinmasman,— dedi Jalil. — Sen boʻladigan gapni gapir.

«Rostdan eshitmaganmi?»

Asadbek savoliga javob topmoq istagida Jalilning koʻzlariga qaradi. Bu koʻzlarda aldov yoʻq edi.

Jalil oshnasining toʻlgʻoq azobida ekanini his qildi. Bu dardni hatto eng yaqin odamga ham aytish ogʻir ekan, demak, ish chatoq. Jalil bir oz yumshoqroq gapirib, uning koʻnglini ovlash niyatida dedi:
— Kattaga katta dard yopishadi, gapir, oʻzingni qiynama.
— Katta dard deysanmi?.. Bilmadim... Shu paytgacha menga birov qoʻl koʻtarmagan edi.
— Dunyoni bekorga charxpalak deyishmagan. Zamon oʻzgarib turadi, shunga aqling yetmabmidi?
— Yetgan edi, lekin...
— Yetgan boʻlsa, vaqtida etakni yop. Vaqtida ketsang — olam guliston.

Aytishga oson. Zamon sahnasidan tushishning oʻzi boʻladimi? Pastdagilar seni alqab, boshiga koʻtarib yurishga tayyor boʻlsa, sahnadan dadil tusha olarkansanmi? Tushishingni qoʻlda nayzalar bilan poylab turganlar-chi? Shu nayzalar borligini bilmaganda Asadbek Jalilning maslahatiga muhtoj boʻlarmidi? Asadbek gapni choʻzishning hojati yoʻqligini anglab:
— Qizimni oʻgʻirlashdi, — dedi. Shu gapni aytdiyu uyatdan yonib ketay deb koʻzini olib qochdi. Aybiga iqror boʻlgan gunohkorday boshini egdi.
— Qachon? Topilmadimi?
— Kecha oʻzlari tashlab ketishibdi.
— Kimligini bildingmi?
— Aniq bilmayman. Gumonim bor.

Jalil oʻyga toldi. Bir necha nafasdan soʻng xoʻrsindi:
— Xudodan qaytibdi.

Asadbek boshini shartta koʻtardi:
— Bu nima deganing?!
— Sen maishat qilgan qizlarning ham ota-onalari bor edi, ular ham ezilgandir, Xudoga nolalar qilgandir. Xudo kar emas, bu ohlarni eshitgandir?
— Ogʻzingga qarab gapir! Mening maishat qilganimni koʻrdingmi?! — Bu safar Asadbekning ovozi titrab chiqdi. Jalil uning koʻzlariga qarab qoʻrqdi: bu koʻzlarda gʻazab uchqunlanayotgan edi.
— Koʻrib nima, men sening mahramingmanmi, izingdan yuradigan. Eshitganman, hamma gapiradi.
— Hamma gapirsa ishonaverasanmi, he... s-soʻtak! — Asadbek beixtiyor soʻkindi. Boshqa vaziyat boʻlganda Jalil qarzga botmay, darrov qaytarardi. Oshnasining vajohatini koʻrib, oʻzini tiydi.
— Boʻpti, oʻzingni bos, — dedi u. — Qizing tirik ekan, Xudoga shukr qil.
— Jalil, — dedi Asadbek qahrli ovozda, — bilib qoʻy, men nomard emasman. Men itning bolasi emasman, odam bolasiman. Birovlarning burnini qonatib lazzat topaman, deb yurganim yoʻq bu dunyoda. Alamim borligini bilasan-ku. Bu ahmoq gapni boshqadan eshitsam, xafa boʻlmas edim. Sen ham shunday deding-a!
— Sen qilmagan boʻlsang, bu ishni shotirlaring qilishadi. La’nat esa senga oqib kelaveradi. Sen odamlar koʻziga boʻri boʻlib koʻrinasan. Yesang ham, yemasang ham baribir ogʻzing qon. Sen men bilan gap talashma. Boʻladigan gapdan gapir. Tumshayib yuravermassan, axir. Nima qilmoqchisan?
— Hayronman...
— Gap qaynab chiqmasidan uzatvor qizingni.

Asadbek kechadan beri xayolning qaysi koʻchasiga kirmasin, shu toʻxtamga kelayotgan edi. Jalildan ham shu fikr chiqishini kutgan edi. Kutilgan fikr aytildi, ammo yengil tortmadi. Chunki fikr aytmoq oson. Toʻy qilish ham oson. Biroq, qizining yuzi yorugʻ boʻladimi — mashaqqat shunda. Kuyov boʻlmish Asadbekning qahridan qoʻrqib hozir indamasligi mumkin. Keyinchi? Zamon sahnasidan tushib ketgach, qizi xoʻrlanmaydimi? Koʻchaga haydalmaydimi? Sharmandalik libosiga oʻralmaydimi? Asadbekning xavotiri shunda. Siz «Xoʻsh, oʻzining or-nomusi-chi?» deyishingiz mumkin. Bir dono shoir «ota-ona mehrisiz ham yashamoq mumkin, ammo mumkin emas nomussiz yashash», deganda ming karra haq. Asadbek ota-ona mehriga toʻymay oʻsdi. Qizining oʻgʻirlanishi — uning nomusiga tegishmagan taqdirda ham — ota-ona nomusining toptalishi bilan barobar. Shunday ekan, Asadbek bunga qanday chidasin?! Chap yelkada oʻtirgan shayton qasosga undaydi: «Qoʻlingni uzatsang yettinchi osmonga ham yetadigan insonsan. Birov sening kosangga tuflabdi, oshi halolingni bulgʻabdi-yu, sen ezilib yuribsanmi, kimdan gumoning boʻlsa — yanchib tashla! Bugun qasos olmasang, ertaga el oldida basharangga tupurishadi. Otangni olib ketishganda nochor eding. Ana shu nochorlik seni bir umrlik armon oʻtida kuydiryapti. Endi ham nochormisan? Qon toʻkmasang erkak emassan! Oʻzingni koʻrsat! Nomus uchun qon toʻkish lozimligini erkaklarga eslatib qoʻy!!» Ammo qilich yalangʻochlangan damda oʻng yelkada oʻtirgan Rahmon bila-gidan ushlab toʻxtatadi. Qon toʻkishga yoʻl bermaydi. «Gumoning toʻriga oʻralganlarni tigʻdan oʻtkazishing — ojizliging alomati. Gunohkor osongina jon berib qutulib ketadi. Sen esa nomus azobida toʻlgʻanib qolaverasan. Sen hozir uning gunohlaridan oʻt. Ammo shunday qilginki, umri azobda oʻtsin. Vaqti kelib oyogʻingga bosh ursin, tavbalar qilsin. Ana shunda oʻldirsang xumordan chiqasan. Oʻlsang, koʻzing ochiq ketmaydi...»

Shu ovoz Asadbekni ushlab turibdi. Nomus azobiga chidashga majbur etyapti. Jalilning uyiga boshlab kelgan ham shu ovoz. Agar oshnasi «ularni qirib tashla» desa bas, yangi yilning birinchi kuni qonlar toʻkish bilan boshlanadi. Asadbek Jalilning bunday demasligini biladi. Bilgani uchun ham uni qora tortib keldi.

3

Dunyoda eng shirin narsa nima, deb soʻralganda «uyqu» deb javob berishgan ekan. Bu gap ham toʻgʻri. Biroq bolalik xotiralarini eslash lazzati uyqudan ham mazaliroqdir. Chunki yosh oʻtgan sayin, bolalikdan uzoqlashganingiz sayin oʻtgan kunlarni eslayverasiz, entikaverasiz. Ayniqsa jon-joʻralar uchrashganda uyquni ham tark etib, uzun kechalar xotiralar ixtiyoriga berilishadi. Asadbek bilan Jalilning bunday kechalari koʻp boʻlgan.

Jalil oshnasi koʻnglidagi gʻuborni ana shu xotiralar yordamida quvmoqchi boʻldi. Lekin eng yorqin voqealar ham Asadbek koʻngliga ravshanlik bermadi. U tund qiyofada oʻrnidan turib, Jalil bilan xayrlashdi. Jalil uni kuzatib koʻchaga chiqdi. Asadbek mashina sari yurganida orqadan Jalilning ovozi keldi:
— Koʻchada Asadbekka oʻxshab yur, shunchalik choʻkasanmi?

Bu gapni eshitib Asadbek qaddi bukilib qolganini sezdi. Jalil hech qachon uning qudratini pesh qilib gapirmagan edi. Hozirgi aytgani... «Asadbekka oʻxshab yur...» Mana shu gap unga dalda berganday boʻldi. Qaddini tikladi. Chuqur nafas oldi. Mashina eshigini ochgach, orqasiga oʻgirildi.
— Qorangni koʻrsatib tur. Odamlarning oshnasiga oʻxshab yoʻqlashni qachon oʻrganasan?

Jalilning sanchib oladigan javobi tayyor edi-ku, ammo birodarining ahvol-ruhiyasini oʻylab tilini tiydi. Jilmayib, bosh irgʻab qoʻya qoldi.

Asadbek hovliga qadam bosgach, oshxonadan chiqayotgan qiziga koʻzi tushdi-yu, beixtiyor toʻxtadi. Qizi ham uni koʻrib bir on harakatsiz qoldi. Soʻng past ovozda salom berib, shoshganicha iziga qaytdi. Ota bilan qizning nigohlari bir soniyagina uchrashdi. Goʻyo toʻsatdan yashin chaqnab qorongʻilik bagʻrida oʻrtanayotgan ikki xasta dilni yoritib oʻtganday boʻldi. Yashin nuri soʻnishi bilan ularning har biri oʻz jahannamiga, yana oʻtda qovurilish, azoblanish uchun qaytdilar.

Qiz nima uchun otasi oldiga yugurib kelmadi, nima uchun boʻyniga osilib koʻz yosh toʻkmadi, nima uchun nolalar qilmadi? Nima uchun dardini yutib jahannam azobini oʻziga ravo koʻrdi? Asadbek qoʻrqib kutgan hodisa roʻy bermadi. Ha, u qizi bilan uchrashishdan qoʻrqayotgan edi. Qizi faryod urgan taqdirda ichini kemirayotgan vulqonning otilishi tayin ekanini bilib, tashvishlanayotgan edi.

Asadbek qizini sira erkalamasdi. Kesakpolvon — gʻazabga minganida otasini ham tanimaydigan qahri qattiq odam, oyda bir marta xotinini urib turmasa yegani ichiga tushmaydigan jizzaki erkak — boʻyi yetgan qizini haddan ziyod erkalab, yuzlaridan chimdib, oʻpib qoʻyganida Asadbekning gʻashi kelardi. Ba’zan tanbeh berib, ba’zan «qizingni erga berganingda oʻzingni ham qoʻshib berasanmi», deb piching qilardi. Kesakpolvon Asadbekning bunday gaplarini, pichinglarini qulogʻiga olmasdi. «Bu qizimni oʻzim tuqqanman», deb tirjayardi, xolos. Kim, qanday tugʻishini yaxshi fahmlaydigan qizi otasining bu hazilidan yayrab, battar erkalanardi. Har toʻkisda bir ayb, deganlaridek, begunoh odamning jonini sugʻurib olishda kiprigi qilt etmaydigan odamning farzandiga nisbatan shunday mehri borligi olamning ajabtovurligidan edi.

Asadbek ba’zan «men ham bolalarimni erkalashim kerakmi?» deb oʻylab qolardi. Ota-onaga erkalanish nima ekanini bilmay oʻsgan odam uchun bu mushkul savdo ekan. Farzandga mehribonlik boshqa, erkalash, taltaytish boshqa. Shu bois Asadbek bolalarini erkalatmasdi, deyilganda «u farzandlariga bemehr edi», deb tushunmaslik lozim. Alqissa, hozirgina oshxonaga kirib ketgan qizi unga salom berish bilangina kifoyalanar edi. Asadbek shunga koʻnikkan boʻlsa-da, hozir andak ajablandi. Qizining nomus oʻtida kuyib kul boʻlayotgani unga hozircha noma’lum. Buni keyinroq idrok eta boshlaydi. Yashin chaqib, chok-chokidan soʻkilib qolgan qora bulutlar orqasidan oy koʻrinib, qorongʻilik chekingani misol, oshxonadan xotini chiqdiyu koʻngli ravshan tortdi. Koʻpchilik nazarida dahshatli odamxoʻr sifatida gavdalanuvchi Asadbek shu onda xotinini bagʻriga bosib yigʻlagisi keldi, desam, albatta ishonmaysiz. Lekin siz ishoning. Mol-dunyosi behisob, oʻl desa oʻladigan odamlari bor boʻlgan holda hasratini eshitadigan hamrozi yoʻq kishining holiga siz ham rahm qiling. Bu fojiani hatto gʻanimlaringizga ham ravo koʻrmang.

Yigʻlagisi kelgani bilan Asadbek yigʻlay olmasdi. Xotini unga dalda bergisi kelganda ham yupata olmasdi. Ogʻir boʻlganda shu Manzuraga ogʻir. U ikki oʻt orasida. Bir tomondan qiziga achinsa, kuysa, boshqa tomondan erining gʻazabidan qoʻrqadi. «Jahl ustida bir nima qilib qoʻymasalar edi», deb joni halakda. Hozir oshxona ostonasini hatlab chiqdi-yu, qoʻrquvdan pirpirayotgan koʻzlarini eriga tikib, salom berdi. Soʻng:
— Yaxshi keldingizmi, adasi, — dedi. Bu gapini oʻzigina eshitdi. Qoʻrqibgina, astagina aytilgan soʻzlar havoga singib ketdi.

Asadbek uyga qarab yurdi. Manzura unga ergashdi. Ichkari kira turib chaqqonlik bilan engashdi-da, eri betartib yechgan tuflini juftlab, bir chetga olib qoʻydi. Soʻng ichkari kirib, Asadbek uzatgan paltoni olib, ilgakka ildi. Bu jarayon kunda takrorlanadi. Tashqaridan kuzatgan odam har kuni bir tomoshani aynan koʻrganday boʻlaveradi.

Asadbek ichkari kirib oʻzi xush koʻruvchi tebranadigan yumshoq oʻrindiqqa emas, deraza tomondagi bir qavat koʻrpachaga oʻtirdi.
— Voy, toʻxtang, koʻrpacha solay, — dedi xotini shoshilib.

Asadbek «kerak emas», degan ma’noda qoʻl koʻtardi. Manzura bu ishorani koʻrmaganday narigi uyga kirib koʻrpacha koʻtarib chiqdi.
— Birpasga turing, adasi.

Asadbek oʻrnidan jilmadi.
— Oʻtir.

Manzura gilam ustiga oʻtirib, koʻzini yerga tikdi.

Asadbek gapni nimadan boshlashni bilmay kalovlandi.
— Tinchlikmi? — dedi u bir oz sukutdan soʻng.
— Tinchlik, — dedi xotini siniq ovozda.
— Bir nima dedimi?
— Yoʻq hali.
— Soʻramadingmi?

Manzura eriga shoshilib qarab oldi-yu, boshini egdi.
— Qanday soʻrayman.
— Men soʻraymi boʻlmasa!
— Voy, adasi...
— Ha, latta!

Asadbek shunday deb toʻngʻilladi-yu, baqirib yuborishdan oʻzini tiydi. «Soʻraganining nima foydasi bor?» degan fikr uni jilovdan tutdi. Xoʻsh, soʻradi ham deylik, «zoʻrlashdi» degan javob oldi nima-yu «tegishmadi» deganda nima? Har ikki holda ham oʻgʻirlangan qiz odamlar uchun nomussiz boʻlib qolaberadi-ku?..
— Endi nima qilmoqchisan?

Manzura endi nima qilishi mumkin? Uning yigʻlashdan, figʻon chekishdan boʻlak narsaga qudrati yetadimi? Asadbek buni yaxshi biladi. Shuning uchun savol berishga berib qoʻyib, javob kutmadi. Shuncha yil birga umr kechirib xotini bilan maslahatlashmagan odam shu nozik pallada fikrlasharmidi? Nima haqda soʻzlashishni bilmagani uchun ham shu soʻroq tilidan uchdi. U hozir yonida xotini boʻlishini istardi. Manzura chiqib ketsa vujudi kimsasiz uydek huvillab qolishini his qilardi. Ammo xotini roʻparasida oʻtirar ekan, xuddi urishib qolganday ogʻziga talqon solvolmaydiku. Xotinning kamgap, baodob boʻlgani yaxshi-ya, ammo mana bunaqa paytda erni ezib tashlaydi-da... Manzura gapga chechanroq boʻlganida Asadbekni gʻuborli oʻramdan olib chiqarmidi...

Tashqaridan erkak kishining ovozi kelib, Manzura chaqqon oʻrnidan turdi-da, deraza osha hovliga qaradi.
— Mutavallingiz, — dedi ajablanib.
— Chaqir, — dedi Asadbek.

Manzura tez-tez yurib chiqdi. Dam oʻtmay eshik ogʻzida boʻyni uzunligidan egilibroq yuruvchi, egniga urinibroq qolgan palto, boshiga yangi suvsar telpak kiygan mutavalli kirdi. Soqol-moʻylov ulashilganda kechroq qolgan, ammo yaratgan «shu ham erkak-ku», degan rahm bilan topib bergan besh-oʻnta tukni savlat qilib oʻstirib, jamiki tirik jonning ensasini qotirguvchi Karimullaga Asadbekning ham toqati yoʻq edi. Yetimxona boshqoni boʻlib ishlab, oʻz ta’biri bilan aytganda, shaytonning bittagina gapiga kirdi-yu, olti yil umrini simtoʻsiqlar ortida oʻtkazib qaytdi. Yana firqaga tiklash masalasida koʻp urindi. Firqa a’zoligiga qayta olganida turqi tarovati oʻzgacha boʻlardi. Hatto oʻziga ham yoqmaydigan, soqol-moʻylov degan nomga isnod keltiruvchi bu tuklar oʻstirilmasdi. Xitoyning ohori toʻkilmagan oq koʻylagini kiyib, Olmoniyaning noʻxot gulli qizil boʻyinbogʻini taqib, finlarning koʻzni oluvchi kostyumini egniga ilib, gerdayib yurardi. Ayb oʻzida — rayqoʻmga uzatishi lozim edi. Oʻzini xokisor koʻrsatib bir yanglishdi. Rayqoʻmdagilar xokisorlarga rahm qilar deb oʻylab edi. Rahmdillar rayqoʻmda emas, bu tomonda ekan. Baxtiga mahallada masjid qurilishi boshlandi. Avvaliga haybarakallachi boʻlib yurdi. «Uni u yoqqa ol, buni bu yoqqa qoʻy», deb turish, choyni shopirib qaytarib oʻzidan ulugʻroq odamlarga ta’zim bilan uzatish hadisini olgan edi. Qurilishda har kuni oʻralashib yuruvchi bitta bekorchi kerak ekan. Shundan foydalanib, poydevor bitmasidanoq oʻzini «mutavalli» deb e’lon qildi. Abdukarim degan ism, garchi mullalikka daxldor boʻlmasa-da, Karimulla deb oʻzgartirildi. Bu «mulla» xotirasi zaifligi tufayli toʻrt oy badalida «Oyatal kursi»ni yod ololmay, ikkita kichik sura bilan tirikchilik qiladi. Oʻshanda oʻstira boshlagan «soqol-moʻylab» imorat tomi yopilibdiki, hali bir enlikdan nariga oʻtgani yoʻq. Bu hol Kesakpolvon uchun bir ermak. Uni har koʻrganida «Karimullaning soqoli ichkariga qarab oʻsadi», deb mazax qiladi. Asadbek mutavallining tezroq ketishini istaydi, Kesakpolvon esa uni masxaralab oʻtirishni yoqtiradi. Karimulla bu masxarani malol olsa-da, sirtiga chiqarmaydi. Kesakpolvonning gaplaridan miriqqanday xixilaydi. U Asadbekdan choʻchiydi, kamgap, mulohazali Chuvrindidan esa qoʻrqadi. Shu holda a’yonlardan biri uni «oʻziga yaqin olib» «hazil» qilar ekan, nimasi yomon?

Karimulla Asadbek yolgʻiz emasdir, degan xavotirda edi. Ichkariga kirgach, yayrab ketdi. Ildam yurib kelib Asadbek bilan qoʻshqoʻllab soʻrashdi. Asadbek oʻrnidan qoʻzgʻolmay, qoʻl uchini berdi.
— Oʻrusning yangi yili muborak boʻlgʻay, — dedi Karimulla ishshayib.

Asadbek unga javob bermadi. «Xoʻsh, nimaga kelding?» degandek norozi qiyofada boqdi. Karimullaning maqsadi yangi yil bilan tabrik etish emas, balki koʻngil soʻrash, shu orqali oʻzining ham ruhan «aziyat chekayotganini» ma’lum qilib qoʻyish edi. Ammo Asadbekning qarashi uni shoshirib qoʻydi. «Sizga qasd qilganlar past boʻlsin, qizingizning baxti ochilib ketadi, inshoolloh», deb diliga tugib kelgan gaplarini ham unutdi.
— Bitta xonaga joy qilib namozni boshlab yubordik. Butun mahalla duoi joningizni qilib yotibdi. Suvoqchilar xonaqohdan chiqishdi.

Xabar Asadbekni mutlaq qiziqtirmayotganini sezib Karimulla jimib qoldi. Shu gaplarning oʻzini aytib chiqib ketaverish mumkinmasdi. Shu uchun bir oz kalovlandi.
— Ayvonning... toʻsiqlariga temir kerak ekan, borsak bermadi, zangʻar. Limit-pimit deydimi-ey...
— Temir senga hozir kerakmi? — dedi Asadbek tutoqib.

Shu topda Asadbekning koʻngliga bunday gaplar sigʻmasligiga, umuman, mayda-chuydalar bilan shugʻullanish boshqa a’yonlarning ishi ekaniga Karimullaning kalta fahmi yetarmidi?

Asadbek shart oʻrnidan turdi. Karimulla «tepib qoladi shekilli», deb qoʻrqib, oʻzini chetga oldi. Asadbek eshik yoniga ilingan, shapaloqdek keladigan xorij telefonini olib, chiroyli tugmachalarni bosib raqam terdi.
— Allo, kim bu? — degan erinchoq ayol ovozi keldi.
— Toʻxtasin kerak, — dedi Asadbek jerkib.
— Uxlayaptilar.
— Uygʻot, gʻaflatni, Asadbek akam soʻrayaptilar, de.
— Voy, assalomu alaykum, hozir... Ana, turib kelyaptilar...

Yarim daqiqa oʻtmay xirildoq ovoz eshitildi:
— Assomaykum, Bek aka, tinchmisiz, omonmisiz, yangam...

Asadbek uning gapini shart boʻldi.
— Masjidga nima uchun temir bermading?
— Okaxon, limit...
— Ikki soatdan soʻng temirlar masjidda boʻlsin.
— Bek aka, ertaga ertalab...
— Ikki soatdan keyin masjidga chiqib koʻraman.
— Axir bugun kranchi...
— Oʻzing qoʻl bilan ortasan.

Asadbek gapni kalta qilib, telefonni joyiga ildi:
— Ikki soatdan keyin ustalaring joyida boʻlsin.

Karimulla bu gapni eshitib, boshiga gʻavgʻo orttirganini bildi. Kirganiga ming pushaymon yedi. Topshiriqdan qutulib qolish uchun bahona izladi.
— Ustalarning haqiga sal kamxarjroq boʻlib qoluvdik. Chiqmaymiz, deb xafaroq boʻlib ketishibdi, — dedi mijgʻovlanib.

Asadbek mahallaga yordam boʻlsin, deb pul berardi, biroq sarf-xarajatlarni tekshirtirib koʻrmas edi. Bir hafta burun «mutavalli masjid haqini sichqondek kemirib yotibdi», degan gapni eshitib, «etimlarning haqidan qoʻrqmagan, masjid haqidan qoʻrqarmidi», deb gʻijingan, lekin chora koʻrishga shoshilmagan edi. Hozir shu gap yodiga tushdiyu yanada tutoqdi:
— Ustalarning haqiga sherik boʻlmaganingda yetardi.
— Bek aka, unday demang-a, astagʻfirulloh!
— He, seni xudojoʻy qilib tuqqanni...

Karimulla oʻzini oqlashga kirishishning oqibati yaxshilik bilan tugamasligini anglab, boshini egganicha jim qotdi. Moʻ’minlikning shunisi yaxshi-da. Gʻazabga mingan odam tutoqaveradi, soʻkaveradi, sen esa boshingni egib olib uning yetti pushtini ichingda oʻqiyverasan. «Onangni!» deydi u, «onangning onasini qoʻshib...» deysan sen. «Haromi!» deydi u, «oʻzing itdan tugʻilgansan», deysan sen. Shu holda davom etaveradi. Senga yaxshi. Dilingdagini ovoz chiqarib aytding nimayu ichingda aytding nima? Farq shundaki, dildagi tilga uchsa joning ketishi mumkin, joningga rahm qilingan taqdirda abjagʻing chiqadi. Tilni besuyak yaratgan Xudoga zorlanib bir-ikki oy, balki bir umr koʻrpa-toʻshak qilib yotarsan. Karimulla tilini tish hatlashiga yoʻl qoʻymadi. Asadbek soʻka-soʻka bir tarsaki tushirib qolganini aytmasak, suvdan quruq chiqdi hisob.

Asadbek tarsakidan soʻng bu koʻsamulla chiqib ketar, deb oʻylagan edi. Uning mutelik bilan qoʻl qovushtirib, bosh egib turganini koʻrib:
— Yana nima darding bor? — dedi.
— Begim, bir qoshiq qonimdan keching, sizga notoʻgʻri informatsiya berishibdi.
— Gapni choʻzma. Menga qanaqa xabar yetkazishni bilishadi. Haj qilmoqchimishsan, bu ham yolgʻonmi?
— Rost, begim, rost. Men asli shu gapni aytay deb keluvdim. Oqsoqollar Asadbek aka ham borsinlar, deyishyapti. Billalashib borsam, biram yarashadi... Siz bilan borsak, ikki marta haj qilganday boʻlamiz.
— Sen bilan yursam yarashadimi?
— Men bilan yurmasangiz ham... Asadbek hoji boʻlib yurishingiz yarashadi.
— Pulni qaerdan olasan? Kambagʻal-faqir boʻlsang?..
— Begim, qarindosh-urugʻ bor, hozir oʻn besh ming pulmi? Gunohlarni koʻp qilardik, oxiratni oʻylamasak...
— Oxiratni degin... Oʻn besh mingni toʻlab u yoqdan mayda-chuyda olib kelsam, xarajatni qoplarmikin?

Asadbek bu savolni sinov uchun bergan edi. Buning fahmiga yetmagan Karimullaga jon kirdi.
— Chiqadi, begim, uncha-muncha qoladi ham.
— Xarajatdan tashqari yigirma ming qolarmikin?

Karimulla bu savolga oʻylamay-netmay javob qaytardi:
— Yigirma ming chiqmas-ov, ammo oʻn mingcha qolar.
— Shunaqa degin, hisoblab qoʻyibsan-da, a?
— Endi, odamlar aytib yurishibdi-ku...

Asadbek javonga yaqinlashib, eshigini ochdi. Karimulla taxlanib turgan pullarni koʻrib, entikib ketdi. «Xarajatni koʻtaradi shekilli», deb quvondi.
— Qarindoshlaringni tinch qoʻy, — dedi Asadbek, pul sanay turib. — Mana senga oʻn ming, — u shunday deb beli bukilmagan pullarni Karimulla tomon tashladi. Karimullaning pulga uzatgan qoʻllari muallaq qolaverdi. — Sen harom qadamingni Makkaga bosma, Makkaga pokiza odamlar borishi kerak. Yoʻqol endi, koʻzimga koʻrinma.

Karimulla pullarni apil-tapil yigʻishtirib olib, qulluq qilganicha chiqib ketdi. Pullarni paltoning keng choʻntaklariga sola turib «yigirma ming desam boʻlarkan», deb oʻkindi.

Asadbek joyiga borib oʻtirib, yostiqqa yonboshladi. Bir dam xayollarga bandi boʻldi. Soʻng koʻziga uyqu ilinib boshini yostiqqa qoʻydi. Qancha uxlaganini bilmadi. Bir uygʻonganida shom qorongʻisi choʻkkan edi. Xotini kirib: «Ovqatga chiqasizmi yo shu yerga olib kiraymi?» deb soʻradi. Asadbek «chiqaman», dedi-yu, yana uyqu elitib oʻrnidan qoʻzgʻolmadi. Xuddi birov ikki yelkasidan bosib, miyasiga qoʻrgʻoshin quyayotganday koʻzlarini ham ocholmay qoldi. Miya sergak, quloq atrofda tiq etgan tovushni ham eshitadi. Koʻz esa gʻalati uyquda — bir jarga qulaydi, yuragi qinidan chiqquday boʻladi, bir bosinqiraydi, bir chala uygʻonadi... Shu ahvolda tong ottirdi.

Nonushtadan keyin Jamshid keldi.
— Bek aka, hammasi pishdi. Uyiga oborib qoʻydim,— dedi Jamshid.
— Gʻalva koʻtarmadimi?
— U-bu devdi, menam bir nima dedim.
— Boʻpti, koʻz-quloq boʻlib turlaring. Uyga mayda-chuyda yubordingmi?
— Boʻtqaning bolalari olib borishi kerak edi.
— Oʻzing xabar ol.
— Bek aka, koʻchada imom turibdi.
— Nima ishi bor ekan, yo tavba qilib kelibdimi?
— Bilmadim... eshitishimcha, «Volga»sini shumo qilib ketishibdi.
— Kim?
— Biznikilarmas.
— Topib, joyiga olib borib qoʻylaring.
— Kirsinmi, yo javob berib yuboraymi?
— Kiraqolsin, balki boshqa gapi bordir.

Qotmadan kelgan, koʻzlari ma’noli boquvchi, oʻzi yosh, biroq qop-qora quyuq soqol-moʻylovi ulugʻroq koʻrsatayotgan imom — Sobitxon qori nomi bilan shaharda e’tibor qozongan edi. U imomlik qiluvchi kichkina, eski masjidga ba’zan odam sigʻmay ketardi. Qariyalar bu mulla yigitga ixlos qoʻyib, uni mahalla masjidi imomligiga chorlagan edilar. Rad javobi olishgach, Asadbekning a’yonlari oraga tushishdi. Sobitxon oʻjar edi. Oxir-oqibat Asadbekning oʻziga ham yoʻq deyishdan qaytmadi. Asadbekka bu «olifta imomcha»ning dimogʻdorligi yoqmadi. Sobitxonning: «Harom pullarga qurilayotgan masjidda men namoz oʻqimayman», deyishi Asadbekni gʻazabga mindirsa-da, chora koʻrishdan oʻzini tiydi. Xalq orasida oʻzi haqida boʻlar-boʻlmas mish-mishlar yurganda bu e’tiborli qorining boshidan birgina soch tolasi toʻkilsa malomatlarga qolishini bildi. Toʻgʻri fikrlagan ekan — imom mashinasini oʻgʻirlatib, undan gumon qilibdi. Bu gap allaqachon shaharga tarqalgandir...

Sobitxon ostona hatlab kirib, qoʻlini qovushtirgan holda, qiroat bilan salom berdi. Asadbek beixtiyor ravishda oʻrnidan turib unga peshvoz chiqdi — qoʻshqoʻllab soʻrashib, qizil duxoba qoplangan divanga taklif etdi.
— Keling, qori, qanday shamol uchirdi? — dedi Asadbek, fotiha oʻqilgach.
— Yaxshilik shamoli emas, — dedi Sobitxon unga tikilib.
— Hay, hay, qorijon, sovuq nafas qilmang.
— Sizni insofga chaqirish foydasiz ekanini bilsam-da...
— Qori, kelishib olaylik: siz meni insofga chaqirmang. Qanday yashashni oʻzimga qoʻyib bering. Men haqmanmi yo nohaqmanmi — qiyomatda ma’lum boʻladi. Siz menga qozi emassiz. Siz gapni chaynamay muddaoga koʻchavering. Siz «Volga»ngizni oʻgʻirlatib, alam bilan kelgan odamsiz.
— Ha, taqsir, topib gapirdingiz. Ammo siz tomondan gʻirromlik boʻldi bu ish.
— Nima, gʻirromlik?! Qori, avvalgi safar masjidga sarflagan pullarimni harom devdingiz, endi gʻirromlik deysizmi? Oʻylab gapirasizmi gaplaringizni? Siz kimsiz oʻzi? Toʻrttagina surani koʻz yumib yodlab beruvchi qorivachchasiz, Xudo emassiz! Sizning kitoblaringizda tuhmatchini nima deyishadi? Tuhmatchining tilini kesish kerakmi?
— Astagʻfirulloh! Tuhmat qilayotgan boʻlsam kalomullo ursin!
— Kerak boʻlsa uradi ham. Oʻsha kuni indamagan edim. «Volga»ngiz borligini bilganimda «xoʻsh, mening pullarim harom ekan, siz «Volga»ni qaysi halol pulga oldingiz?» deb soʻrardim.
— Mening otam...
— Sizning otangiz Andijonda mashhur telpakfurush, bilaman. Telpakfurushlarning nayranglarini ham bilaman. Shuning uchun halollik haqida boshqalar gapirganda siz indamay yuravering. Xudoyiga borib, Qur’on oʻqib tugun uchiga necha pul tugilarkin, deb yuradigan moʻltoni odamsiz-u, yana menga gʻirromdan gapirasizmi?
— Tuhmat qilmang, men Allohning kalomini pulga sotadiganlardan emasman!
— Men bilmagan narsamni aytmayman. Jirillamang. Bu shahar bedarvozaligini bilmaysizmi? Shaharda mingta Asadbek bor. Siz bittasidan gumonsirabsiz. «Volga»ngizni topib berishadi. Men bunaqa mayda ishlar bilan shugʻullanmayman.

Asadbek Sobitxon bilan dastlab uchrashganida ancha baodob muomalada boʻlgan edi. Hatto qori harom pullarni tilga olganida ham Asadbek tutoqmagandi. Uning hozirgi fe’li, qoʻrsligi Sobitxonni avvaliga ajablantirdi, soʻng picha qoʻrquvga soldi. Agar odamlar orasida yurgan gap-soʻzlar rost boʻlsa, kichkinagina masjidning imomi birdaniga yoʻqolib qolsa ham ajab emas-da. Hozir uning bu xonadonga kirganini kim koʻrdi? Chiqdimi, chiqmadimi — kim surishtirib oʻtiribdi? Qori shularni oʻylab seskandi. Ichida kalima qaytarib qoʻydi.

Xudo imomlar orasida insof va imon bobida basalomat boʻlgan Sobitxonni oʻz panohiga olib, Asadbek qahrining toʻlib-toshishiga yoʻl qoʻymadi. «Mayda ishlar bilan shugʻullanmayman», deganidan soʻng Asadbek jim qoldi. Sobitxon ortiqcha soʻzga hojat yoʻqligini anglab oʻrnidan turdi. Asadbek «bir piyola choy iching» ham demadi. Sobitxon uning qahrini qoʻzgʻotgan narsa nima ekanini fahmlamay, garang holda iziga qaytdi.

Avvalgi
I- qism