OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiShaytanat (I- kitob, II- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Kriminal belletristika
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm270KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/12/01
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shaytanat (I- kitob, II- qism)
Tohir Malik

VIII bob

1

Prokuror mahkamasining tergovchisi Zohid Sharipov hali bunchalik xorlanmagan edi. Kechagina markazdan kelgan prokuror tergovchilarining qonunga mos boʻlmagan ishlari haqida koʻpirib gapirildi. Goʻyo shu bilan mahkamalar tozalandi. Pokiza odamlar toʻplanganday boʻldi... Zohid shu harakatlarga ishonibdi. U prokuror yordamchisining qiligʻidan bir achchiqlansa, oʻzining goʻlligidan oʻn gʻazablandi. «Nima deyishmoqchi boʻlishdi: sen pista poʻchogʻisan, istagan paytda supurib tashlaymiz, sen keraksiz bir qogʻozsan — xohlasak, gʻijimlab oyoq ostiga otamiz, deyishmoqchimi?»

Zohid anchagacha oʻziga kelolmay oʻtirdi. Soʻng shart oʻrnidan turib, prokuror yordamchisi xonasi tomon yurdi. U yordamchi bilan olishishni qasd qilgan edi. Ammo oʻziga zeb berib kiyingan, qoshlari qalin, koʻzlari kulib turuvchi prokuror yordamchisining muomalasi uni shashtidan qaytardi.
— E, keling, Zohidjon, yangi yillari qutlugʻ boʻlsin. Oilangiz, ota-onangiz sogʻ-salomatmilar? Baxtingizga koʻp yillar yashashsin, toʻylaringizga bosh boʻlishsin. Sizni chaqiraman, deb turuvdim. Xizrni yoʻqlasam boʻlarkan. Xoʻ-oʻsh... Sharif Namozovni qoʻyib yuborishga toʻgʻri keldi. Aybi isbotlanmagan. Guvohlar gaplaridan tonishibdi. Unga qarshi igʻvo qilingani shunday sezilib turibdi-ku, sizlar toʻppa-toʻgʻri qamoqqa tiqib qoʻya qolibsizlar. Namozov anov-manov odam emas, katta olim ekan. Chet elliklarni hayron qoldirib turgan odamni qamoqqa tiqsak, xalqaro janjal chiqib ketishini ham unutmasligimiz kerak-da, azizim. Chet eldagi safsataboz dushmanlarimizni bilasiz-ku, «SSSRda inson huquqlari poymol etilmoqda!» deb gʻavgʻo koʻtarishsa, boshimiz gʻalvadan chiqmay qoladi. Keling, biz shunaqa tashvishlardan chetroqda yuraylik. Siz yoshsiz, oʻsadigan yigitsiz, bamaslahat ishlayvering. Igʻvoning boshida vinzavod direktori Sulaymonov turgan ekan. Aybini boʻyniga olib oʻzi keldi. Hazilining bunaqa jiddiy tus olishini oʻylamabdi. Besh-oʻn oy oʻtirsa, ikkinchi hazillashmaydigan boʻlib chiqadi.
— Sulaymonov ishini menga topshirsangiz...

Zohid uning mahorat bilan toʻqiyotgan toʻriga bandi boʻlib qolmay, chiqib ketish niyatida shu gapni aytdi. Hech narsadan tap tortmay ishni xamirdan qil sugʻurganday hal etayotgan prokuror yordamchisi Zohiddan shu iltimosni kutmaganida laqma odamga aylanmasmidi, bu dargohdan kavushi allaqachon toʻgʻrilanmasmidi? Dunyoning manaman degan olimlari bilan bahslashishga moslab yaratilgan bu fahm-farosat, bu aql shu arzimas masalani yechishda ojizlik qilsa-ya! Ha, Zohid ojiz edi. Uning koʻzlari ochiq, ammo fikr koʻzi bu oʻyinlar, oyoq ostiga tushayotgan toʻrlarni, eng muhimi— qarshisidagi odamning qalbini aniq koʻrolmayotgan edi. Aql hammavaqt ham odamga sharaf keltiravermaydi, ba’zan mana shunday xor ham qilib qoʻyadi. Zohid oʻzining beadad xorlanayotganini hozir emas, keyinroq his etadi. Boshingizga tosh tegsa, bir oz ogʻrib, soʻng bosilganday tuyuladi, ammo oradan vaqt oʻtib shunday ogʻriq qoʻzgʻoladi-ki, oʻzingizni qoʻygani joy topa olmaysiz. Ruhiy qiynoq ham shunday. Bir necha soatdan soʻng «men nima uchun unga shunday demadim!» deb oʻzingizni la’natlay boshlaysiz. Biroq vaqt oʻtdi — endi bu afsusdan nima naf?

Zohid soddalik bilan Sulaymonov ishini soʻradi. Prokuror yordamchisi esa pinagini buzmay, oʻsha kulimsiragan yoqimtoy koʻzlarini Zohiddan olmay javob berdi:
— Bu ishni Keldievga topshirdim. Taniysiz-a, ammamning buzogʻi. Shunaqa mayda-chuydani topshirmasam, jiddiy ishlarni eplay olmaydi. Sizni zoʻr ishlar kutib turibdi, azizim. Oʻsadigan odam mayda-chuydaga aralashmasligi tuzuk. Sizdan umidim katta. Respublika prokuroriga ham aytdim. Umidli yoshlarni biz har qanaqasiga qoʻllaymiz.
— Sharipovning ishi oddiy hazilga oʻxshamaydi. Hazil deb yurib uni oʻldirib ketishlari mumkin.

Jiddiy ohangda aytilgan bu gapni u ermakday qabul qildi:
— Vohma qilmang-e, azizim. Oʻldirib ketadi, deb qamoqda ushlab turishimiz ham toʻgʻri kelmaydi-da. Erkak odam lalaymay oʻzini himoya qilsin. Itday ichib, choʻntagiga birov nasha solib qoʻysa ham bilmay yotaveradimi?
— Men vahima qilayotganim yoʻq. Undan pul talab qilishgan.
— Qim? Qachon?
— Kimligini bilolmay qoldim. Harholda qamoqxonada talab qilishgan boʻlsa kerak.

Prokuror yordamchisi telefon tugmasini bosdi. Koʻzlaridagi kulgi yoʻqolib, koʻrinishi jiddiylashdi, hatto biroz asabiy tus oldi.
— Jonqoraev! Signallar tushyapti, qamoqxonada bevoshlik kuchayibdi. Tekshirib uch kundan keyin hisob berasan. Ha, Sharif Namozovdan kim pul soʻraganini ham aniqla. Onasini Uchqoʻrgʻondan koʻrsatish kerak bunaqalarni, tushundingmi!

Prokuror yordamchisi «ma’qulmi, koʻngling joyiga tushdimi», deganday Zohidga qaradi-da, oʻrnidan turdi.
— Hozir respublikaga chiqishim kerak. Siz bilan xotirjam bi-ir gaplashamiz. Oʻzim chaqirtiraman.

U Zohidning yelkasiga qoʻlini qoʻyib, gʻoyat ulugʻ bir mehr koʻrgazib ostonagacha kuzatib qoʻydi.

2

Zohid xonasiga qaytdi. Usti choynak izlaridan dogʻ boʻlib ketgan oʻsha stol, oshiq-moshigʻi arang ilinib turgan oʻsha boʻm-boʻsh kitob javoni... Zohid oʻrniga oʻtirib halqa dogʻlar sirini oʻrganmoqchi boʻlganday stol ustiga tikilib qoldi. Bu dogʻlar nimalarga guvoh? Achchiq choy damlanib, shopirib-shopirib qaytarilib, xoʻrillatib ichilgan damlarda kimlarning taqdiri hal etilgan? Qanday xoʻrliklarning, qanday gʻirromliklarning guvohi bu dogʻlar?.. Zohid tikilib oʻtirgani bilan xayoliga bu gaplar kelmaydi. Uning xayoli Sharif Namozov va Qilich Sulaymonov bilan band. Namozovni qamash uchun ishlatilgan hiyla endi Zohidni aytarli ajablantirmay qoʻygandi. Bu kalavaning uchini topganday boʻlib edi. Sulaymonovning bosh egib kelishi... Hech qanday mantiqqa toʻgʻri kelmaydi. «Bu ishning boshida Asadbek turgan boʻlsa, nima uchun Namozovni qamatdi? Balki burnini yerga bir ishqab qoʻymoqchi boʻlgandir? Buning boshqa osonroq, kamchiqimroq yoʻllari ham bor edi-ku? Sulaymonov nima uchun qamoqda oʻtirmoqchi? Uning gunohi nima?» Zohid ish battar chigallashganini his qildi. Namozov taqdirini Asadbek hal qilgan, vinzavodga osilma, deyishganda masalaning bunchalik mushkulligini kutmagan edi. Vinzavodni yaxshilab tekshirish jumboqni oydinlashtirib beradi, deb ishongandi. Sulaymonov oʻyindan chiqarilibdimi, demak, vinzavod qal’asiga uncha-buncha hujum pisand emas.

Zohid jildi jigarrang charmdan ishlangan papkasiga qarab qoʻydi. Hafsala bilan ish boshlagan edi. Toʻldirilgan bir necha sahifa kechagina muhim ma’lumotlar darajasida qadrli edi. Hozir esa bu qogʻozlar sariq chaqaga ham arzimaydi. «Nima, men koʻchada sanqib yurgan laychamanmi, birov tepsa vangillab chetga qochaveradigan...» Shu fikr Zohidni sergak torttirdi. Nima, endi u «menga qachon, qanday ish berisharkin», deb pashsha qoʻrib oʻtirsinmi? Ish topshirilganda ham «buni mana bunday tarzda yakunlaysan», deb aniq koʻrsatma berishmaydimi? U jonsiz qoʻgʻirchoq kabi qogʻozlarni rasmiylashtirib qoʻya qolmaydimi? Shunday qilsa — tez «oʻsadi»! Boʻlmasa... Yerga kirib ketadimi? Balki...

Odamlar falonchini osib ketishibdi, pistonchining uyini oʻgʻri uribdi, degan vahimali mishmishlar chodiri ostida qoʻrqib yashayotgan bir damda shahar prokuraturasining boʻm-boʻsh kitob javoni, tepalari halqa-halqa dogʻli stol qoʻyilgan kichkina xonasida tergovchi ishsiz oʻtiribdi, deyilsa xoʻp qiziq tuyular. Jinoyatlar izidan yurgan Zohid bu yerga kelguncha ishsiz oʻtirishni tasavvur qila olmas edi. Qarang, shunday mahkamada ham bekor oʻtirish mumkin ekan.

Bir soat ilgari xonaga beruxsat kirib kelgan tergovchi Namozov qoʻyib yuborilajagini aytganda, Zohid ajablangan edi. Soʻng bu holdan gʻashi keldi. Keyin gʻazablandi. Xoʻrlanganini his etib ezildi. Mana endi, bekorchi degan yorliqni olib, boʻgʻilib oʻtiribdi. Goʻyo prokuror yordamchisi pinjida yuruvchi tergovchi kirib noxush xabarni aytmagan, balki bahaybat mingoyoqni olib kirib qoʻyib yuborgan. Bu koʻrinmas mingoyoq Zohidni boʻgʻzidan boʻgʻib koʻrdi, yuragini gʻijimlab koʻrdi. Endi qulogʻidan oʻrmalab kirib miyasini zirillatyapti.

«Nimadir qilishim kerak, — deb oʻyladi u, boshini changallab, — bu oʻtirishda yorilib ketaman!» U shunday deb oʻrnidan turib, eshikni ochdi. Qaerga borishini bilmay, gangigan holda ostonada picha turdi. Soʻng dahlizga chiqdi. Uchinchi qavatga koʻtarilib, Keldiev oʻtiradigan xona eshigini taqillatdi. Ichkaridan javob boʻlmadi. Zohid eshikni tortdi — berk. Prokuror yordamchisi «ammamning buzogʻi» deb atagan, boshini bir yonga qiyshaytirib yuradigan Keldiev eshikni ichkaridan berkitib olib, Sulaymonov ishiga oid hujjatlarni toʻldirar edi.

Zohid ikkinchi qavatga tushdi-yu, xonasiga kirgisi kelmadi. Eshikni qulflab tashqariga chiqdi. Besh-oʻn kun yoʻq boʻlib ketsa ham bekorchi tergovchi bilan birovning ishi boʻlmasligini Zohid bilardi. Lekin besh-oʻn kun qaerga boradi. Yelkasidagi tashvish yuki bilan qaerga sigʻadi? Zohid shu masalada bir oz yanglishayotgan edi. Nazarida prokuror yordamchisi vaziyatni yumshatish uchun uni xoli qoʻyadiganday edi. Goʻyo prokuror yordamchisi qilgan ishidan uyalib, uni bezovta qilmaydiganday edi. Bir sodda qiz nikoh kuni onasidan kuyovning chap tomonida yotaymi yo oʻng tomonidami, deb soʻraganda onasi qaysi tomonda yotishingning farqi yoʻq, baribir oʻsha ish boʻladi, degan ekan. Shunga oʻxshash Zohid kabi tuxumdan endi chiqqan tergovchi arazlaydimi, zarda qiladimi, baribir — prokuror oʻz bilganidan qolmaydi.

Kechasi bir sidra quruq qor tashlab soʻng tundlashib qolgan osmon Zohid koʻchaga chiqishi bilan yana insofga keldi. Zohidning nazarida endi koʻzni quvnatuvchi qor emas, osmonda hasrat elagi elanib, hasrat yogʻilar edi. Tabiat odam ruhiga moslanadimi yo odamning ruhi tabiatga moslanib qoladimi — tushunmak qiyin. Harholda koʻngil xira tortgan mahalda chor atrof ham tundlashib qoladi.

U koʻchaga bemaqsad chiqqan edi. Erkni oyoqlariga berdi. Yuziga urilayotgan qor uchqunlaridan rohatlandi. «Kechgacha yogʻsa hammayoq oppoq boʻladi. Havoda gʻubor qolmaydi. Qor yogʻdirish, tindirish, oftob chiqish — Xudoning irodasi bilanmi? Xudo qor yogʻdirgani kabi haqiqat, adolat yogʻdirsa-chi? Bir kungina yogʻdirsa edi. Qor erib tuproqqa singib ketishiga oʻxshab, haqiqat bilan adolat odamlarning yuragiga singib ketsa... Dunyo bir kundayoq boshqacha boʻlib qolardi...» Zohid bobosining gaplarini esladi: «Olloh taborak va taolo insonlarni sinamoq uchun bu dunyoga yuborgan...»

Sadaqayragʻochdek oʻsgan oq oʻrik ostidagi supaga koʻrpacha toʻshab oʻtirishni xushlaydigan bobosi shu gaplarni koʻp takrorlardi. Koʻzoynakning singan bandlari oʻrniga ip tortib quloqqa ilib, muk tushib eski kitoblarni oʻqib oʻtiruvchi bobosi koʻz oldiga keldi. Akasiga ergashib koʻcha changitib yurib yo suv ichgani, yo qorni ochib bir tishlam non yegani kirib qolganda bobosi «Qani, doʻngpeshonalar, oʻtiringlar-chi, eshitinglar-chi...» deb eski kitobdan hikoyatlar oʻqishni boshlardi. Ular esa bobosining oʻqishga berilganidan foydalanib lip etgancha qochib qolishardi. Zohid hozir bobosini qoʻmsadi. Eski kitoblardan oʻqib berishini, nasihatlarini, dunyoning tuzilishi, insonlar xulqi haqidagi soʻzlarini eshitgisi keldi. Bobosining bu dunyodan rizqi uzilganda Zohid oʻn yoshda edi. Koʻp gaplarni eshitardi, biroq magʻzini chaqolmasdi. Ulgʻayib, bu yorugʻ olamning qorongʻi koʻchalariga bexos kirib qolib, nochor tentiragan choqlarida esida qolgan gaplarni fahmiga yetmoqqa harakat qilardi. Yillar oʻtgani sayin, dunyo tikonzorlarini yalangoyoq kezgani sayin bobosining oʻgitlariga muhtojligi orta bordi. Zohid kamgap otasiga dardini aytib dalda ololmasdi. Bu oilani tanimagan kishiga «shu indamas ketmonchi oʻsha mulla odamning oʻgʻli», desa ishonishi qiyin. Bobosi urib boʻlsa ham ilmini oʻrgatmagan ekan-da, ketmoningni chopib yurovur, oʻgʻlim, ilm bilan qorin toʻymaydi, degan ekan-da... Mana endi Zohidning akasi oʻlib ketdi, otasida na eskicha, na yangicha ilm bor. Oʻylab qarasa, qarindosh-urugʻlari orasida ham bobosi kabi odam yoʻq ekan. Oʻtin yonib, kul qolibdi, deganlari shumi?

Bobosini oʻylab borayotgan Zohid savollariga javob topganday boʻldi: «Xudo yogʻdirgan haqiqat, adolat — bobomga oʻxshagan odamlar emasmidi ekan? Ular yer yuzidagi odamlar qalbiga yaxshilik urugʻi sepishlari lozimmi edi? Bobomga oʻxshaganlar kamayib ketyapti-ku! Endi nima boʻladi? Endi yuraklar faqatgina qon haydashga yaraydigan hissiz buyumga aylanadimi? Haqiqat va adolat tamom qovjirab, kuyib kul boʻladimi?!»

Zohid badbin xulosaga yaqinlashgan edi. U dunyoda bitta yaxshi, bitta toʻgʻri odam qolgunicha adolat va haqiqat yashashi mumkinligini hozirgi kayfiyatida idrok eta olmas edi. Yomonlar, munofiqlar nafasidan olov chiqib haqiqat va adolatni kuydiradi, ammo yaxshilarning yuragidan quvvat olguchi bu haqiqat, bu adolat yashayveradi. Bu — azaliy kurash! Yana necha asr davom etadi — yaratganga ma’lum. Bandasiga bir narsa ayon — azaliy kurashning intihosi — qiyomat!

Erkinlikka erishgan oyoqlar Zohidni avval anhor boʻyiga, soʻng suvoqlari koʻcha boshlagan toʻrt qavatli uyga boshladi. Nurab qolgan tosh zinalarni bosib toʻrtinchi qavatga koʻtarildi. Havorangga boʻyalgan yogʻoch eshikka qaysidir bola boʻr bilan katta qilib «prof. Habib Sattorov» deb yozib qoʻyibdi. Shu yozuvni koʻrib Zohid xayolini yigʻishtirdi. «Nimaga keldim? Hasratimni toʻkish uchunmi? «Bu sohaga oʻtib ovora boʻlma, sen izlagan haqiqat yoʻq u yerda. Boʻlmagan, yoʻq va boʻlmaydi ham», deb necha marta ta’kidlagan. Endi «Gapingiz toʻgʻri ekan», deb kirib boramanmi?» Zohid bir oz harakatsiz turib, iziga qaytmoqchi boʻldi. Endi oʻgirilib ketaman, deganida eshik ochilib yelkasiga jun roʻmol tashlab olgan Habib Sattorov koʻrindi. Zohidning burilib ketayotganini koʻrib, ajablandi.
— Zohid? Ha, tinchlikmi?

Zohid oʻgirilib, xijolatdan gap topolmay qoldi.
— Uyda yoʻqdirsiz, deb oʻylabman, — dedi.
— Qoʻngʻiroq ishlamayaptimi? — professor shunday deb tugmani bosdi. Birinchi, ikkinchisida ovoz boʻlmadi. Keyin qoʻngʻiroq bulbulga oʻxshab sayrab berdi. Mana shu hol Zohidni xijolatdan qutqardi. — Bolalar tugmani oʻynayverib ishdan chiqarishganga oʻxshaydi. Qani, kir. Kelayotganingni derazadan koʻruvdim. Kutdim, kutdim, daraging boʻlmadi. Yaxshiyam eshikni ochib qaraganim.

Zohidning koʻziga uy besaranjomroq koʻrindi. Oʻrtadagi stol ustida koʻk plastmassa chelak turibdi. Deraza tomonda ikki togʻora... Habib Sattorov Zohidning ajablanganini koʻrib kulimsiradi:
— Chakka oʻtib ketdi. Uchinchi qavatdagilarga jabr boʻlmasin, deb shunaqa oʻtiribmiz. Kecha quvurlar yorilibdi, uy isimayapti. Bolalarni qaynonamnikiga qoʻyib keldim. Oʻzim kechqurun Maskovga ketyapman. Vadim Petrovich ishga chaqirib, holi jonimga qoʻymayapti.
— Rozi boʻlyapsizmi?
— Oʻzimni-ku borgim yoʻq. Akademiyaga saylovdan keyin Sohib Poʻlatovich zada boʻlib qoldi. Endi menga kun bermas. Birinchi qilgan yaxshiligi men olishim kerak boʻlgan uyni Kravchukka berdiribdi.
— Kim u Kravchuk?
— Kerakli, zarur mutaxassis! — Habib Sattorov shunday deb koʻrsatkich barmogʻini osmonga nuqib qoʻydi. — Institutning santexnigi.

Zohid Fanlar Akademiyasining muxbir a’zoligiga nomzodlar orasida Habib Sattorov bilan Sohib Poʻlatovlar borligini eshitib «chakki boʻlibdi» deb qoʻygan edi. Bunaqa saylovlarda olimning iqtidori emas, egallagan mansabiyu suyangan togʻi muhimroq ekani unga ma’lum. Saylovdan Sattorov ham, Poʻlatov ham oʻtolmadi. Poʻlatov, shubhasiz, bu koʻrgulikda Sattorovning aybi bor, degan xulosaga kelganu uni ikki xonali tor, sovuq, chakka oʻtuvchi uyda yashashga mahkum etgan.
— Hozir ketsam, boʻlmas, — dedi Habib Sattorov, — saylovdan oʻtolmagani uchun arazlab joʻnavordi, deb gʻiybat qilishadi. Maskovga-ku ishga bormasman. Ammo Kembrijga borishim kerak. Bir yilga chaqirishyapti. Dilimga tugib yurgan rejalarim bor, oʻsha yerda bitirib kelaman.
— Poʻlatov biladimi, buni?
— Eshitsa infarkt boʻlishi turgan gap. Mana buni oʻqi, hali hech kim bilmaydi. — U kitob javonini ochib, tik taxlangan kitoblar ustidan katta konvert olib uzatdi. — Inglizchani bilarding, a?
— Sal-pal.

Zohid hij oʻqidi:
— «Qadrli mister Sattorov! Sizni Kembrij dorilfununining faxriy professori boʻlganingiz bilan muborakbod etamiz. Xohish-istagingiz va imkoningiz boʻlsa, Angliyaga kelishingizni soʻraymiz. Sizni dorilfununimizda bir yil hamkorlik qilishga taklif etamiz. Taklifimizga koʻnsangiz, kontraktni imzolab joʻnating...» Zoʻr-ku?
— Sekinroq aytasanmi?
— Men sizga dalda berib, koʻnglingizni koʻtarmoqchi edim.
— Be... uyni aytyapsanmi? Yo akademiyanimi?
— Unisini ham, bunisini ham.
— Unisiga ham, bunisiga ham xursandman, ochigʻi. Akademiyada kimlar borligini bilasan-ku? Uyni Poʻlatovich marhamati bilan olganimda baribir turishim qiyin edi. Uchala qizimni uzatvoraman. Er-xotinga shu uy ham boʻlaveradi, nima deysan? Xoʻ-oʻsh, qani oʻtir-chi. Choy ichasanmi yo qahva qilib beraymi? Yo konyakdan, a, yangi yil bahonasida?
— Kembrijni yuvish kerak.
— Bu gaping ham toʻgʻri.

Habib Sattorov koʻngil uchun taklif etgan edi. Zohidning gapidan soʻng oʻziga ham bir hoʻplam quydi. Zohid professorning kam ichishini bilardi, shuning uchun bundan ajablanmadi. Konyak oʻziga xush yoqdi. Tomirlarida goʻyo toʻxtab qolgan qon yurishib ketganday boʻldi. Sattorov uning kayfiyatini sezib yana quydi. Zohid uchinchi safar oʻzi quyib ichgach, mezbon konyakni olib, oshxonaga qoʻyib chiqdi.
— Solmonov oʻn sakkizinchida himoya qilyapti. Dissertatsiyasini yaxshi baholashyapti. Sen ham borgin.

Zohid «xoʻp» deganday bosh irgʻab qoʻydi. Solmonov uning kursdoshi edi. Kirish imtihonida yozma ishni «besh»ga topshirib, tarixdan «ikki» olib iziga qaytmoqchi boʻlganida joniga shu Habib Sattorov ora kirgan. Karra jadvalni arang biladigan, nima uchun bu oʻqishga kirib qolganidan garangsib yurgan «tolibi ilm»lar orasida Zohid bilan shu Solmonov ajralib turardi. Zohid oʻqishni tashlamaganida, balki oʻn sakkizinchida Solmonov bilan birga yoqlarmidi... Zohid «professor shunga shama qilyapti», deb oʻyladi. Holbuki, Sattorovning fikricha, Zohid hozir doktorlik dissertatsiyasini yoqlashi lozim edi.

Sattorov «konyakdan keyin yaxshi ketadi» deb qahva qaynatdi. U sobiq shogirdining avzoyiga qarab, koʻngli xira ekanini sezgani uchun «ishlar qalay?» deb soʻramayotgan, bu esa Zohid uchun muddaoning oʻzi edi. Soʻralgan taqdirda ham, garchi koʻngil hasratlashishni istab turgan boʻlsa-da, «yaxshi» deb gapni kalta qilgan boʻlardi. Fikri-zikri ilm bilan band boʻlgan odamga Asadbek degan zotning qoʻli nechogʻli uzunligini, yangilangan prokuraturada ham adolat yoʻqligini tushuntirish qiyin. Umuman, bu dunyo qingʻirliklarini koʻraverib koʻzlari pishgan odamga adolat yoʻqligini gapirish osmon yulduzga toʻla ekanini behuda isbotlashday gap emasmi?

Solmonov bekorga eslanmagan edi. Professor avval uning ishlarini sharhlab berdi. Zohid oʻzining tergovchi ekanini bir necha daqiqa unutdi. Qahva quyilgan piyolalar chetga surilib, stol ustida qogʻoz-qalam, top-toza qogʻoz yuzida esa formulalar tizimi paydo boʻldi. Tashqaridan qaragan kishi chakka oʻtib turgan bu sovuq xonada riyoziyot professori bilan prokuratura tergovchisi emas, ikki olim dunyo tashvishlaridan chekinib, ilm bagʻriga shoʻngʻiyapti, deb oʻylashi mumkin.

Dissertatsiya sharhi tugagach, Sattorov Zohidga savol nazari bilan tikildi.
— Kallang joyida, hali ham kech emas, qayt.

Zohid qogʻoz yuzidagi formulalarga qarab hazin jilmaydi.
— Bilasiz-ku, men kamikadzeman.

Zohid qisqa javobi bilan nishonga urdi. Oʻqishdan ketaman, deb yurganida bu gapni Sattorov aytgan edi. Zohid «Kamikadze degan gurji kim ekan, nima uchun meni unga oʻxshatdi», deb hayron boʻlib yurdi. Oxiri bir kuni «Kamikadze» degan odam kim edi?» deb soʻradi. Professor avvaliga miriqib kuldi. «Ha, qishloqi!» deb mazax qildi. Soʻng Kamikadze — gruzin emas, balki ikkinchi jahon urushidagi mutaassib yapon uchuvchilariga berilgan nom ekanini, bu uchuvchilar samolyotga bomba ortib, izga qaytishga yonilgʻi olmay, oʻlimga tik borishganini tushuntirib bergandi. Zohid hozir oʻsha suhbatni eslatdi.
— Kamikadzelar bekorga oʻlib ketishdi. Yaponiya urushda yengildi. Sen ham magʻlub sifatida oʻlib ketasan.
— Adolat uchun kimdir oʻlib turishi kerak-ku?

Professor panjasi bilan stolni bir-ikki urib qoʻydi-da, oʻrnidan turdi. Deraza oldiga borib koʻchaga tikildi.
— Faqat... sen oʻlma. Ahmoq boʻlsang ham shu dunyoda yashab yuraver. Bu dunyoda ahmoqlar koʻp-ku, toʻgʻrimi? — U shunday deb orqasiga oʻgirilib Zohidga tikildi. — Shularning orasida sen ham yursang nima qilibdi?.. Seni nimaga yaxshi koʻraman, hayronman. Ilmni behurmat qilgan odamning basharasiga qaramasligim kerak. Lekin seni koʻrgim keladi. Sen «Habib akam meni yaxshi koʻrarkan», deb taltayma. Sendan nafratlanaman. Lekin... koʻrgim keladi. Bir kunmas bir kun aqlingni topib olishingga ishonsam kerak. Oʻzi sen tengilarning hammasi ahmoqqa oʻxshaydi. Nechanchi yilda tugʻilgan eding?
— Oltmish bir edi shekilli? — Zohid shunday deb gapni hazilga burmoqchi, professorni sal shashtidan tushirmoqchi edi.
— Ha, toʻppa-toʻgʻri! Ukam ham oltmish birda tugʻilgan. U ham qip-qizil ahmoq! Ilmni qoʻyib, she’r yozib yuribdi.
— Tarixchi ukangizmi?
— Mening bittagina ukam bor. Uning hozir qaerdaligini bilasanmi? Jinnixonada! Lekin jinnimas u, miyasi bus-butun. Dunyoning yaralish formulasini yaratibdilar akam. Qaragin-a, — professor stol yoniga qaytib, qogʻozning boʻsh yeriga yozdi: (haqiqat)=xiyonat+riyo (hasad+ochkoʻzlik) + shuhratparastlik = mansabparastlik — vijdon+imon+diyonat=O. Bunga nima deysan?

Zohid oʻylanib qoldi. Bu shunchaki formula emas, dunyo ishlaridan zada boʻlgan yurakning nolasi edi. Bu nola uning dardiga hamohang edi. Zohid professorning ukasi bilan bir-ikki marta shu uyda hamsuhbat boʻlgandi. Uning tarixni buzib talqin etilayotganidan kuyinishlari, pichingli gaplari, zamonni turli maxluqlarga oʻxshatishi Zohidni hayron qoldirgan edi. «Bu tuzum zahm bilan ogʻrigan fohishaning oʻzi. Hammani oʻlimga giriftor qilib, soʻng oʻzi ham oʻladi», degan gapini Zohid koʻp oʻylab yurdi. Gap magʻzini chaqqani sayin unga boʻlgan hurmati ortib bordi. Soʻnggi marta uni bir-ikki yil oldin qabristonda koʻrgan edi. Hamkasbining otasi qazo qilib, janozaga borishganida uchratgandi. Koʻzida yosh bilan yurgan ekan. «Bir ajoyib shoir oʻzini osib oʻldirdi», deb yigʻlagan edi.
— «Oʻzbek boʻlib tugʻilmaganda, Koʻrmas edi shunchalar xoʻrlik...» deb yozib, xor boʻlib oʻldi. Hammamiz ham xorlanib yuraveramizmi?! — degan edi. «Shoir nima uchun xoʻrlandi?» deb soʻrashning mavridi emasdi. Zohid keyingi uchrashganimda soʻrarman, devdi. Oradan ancha vaqt oʻtib ketdi. U bilan koʻrishmadi. Ana endi jinnixonada emish... Yaratgan formulasi...
— Yechimi toʻgʻri, — dedi Zohid, oʻrnidan turib.
— Aytdim-ku, hammang birsanlar!

Dunyo ilm ahlining e’tiboriga tushgan, ammo oʻz yurtida turtkilanayotgan olim oʻz taqdiridan nolimay, ukasi va Zohidga oʻxshash yoshlarning iqtidorini tutantiriqqa sarf etayotganidan kuyardi. Har toʻkisda bir ayb deganlaridek, bu professorga matematika ilmi omon boʻlsa bas, uningcha barcha haqiqat shu ilmda. Shu azim shaharning yana qaysidir mavzeida, yana qaysidir ikki xonalik sovuq (balki issiqdir — Xudo biladi!), chakka oʻtayotgan (balki chakka oʻtmas) uyda bir fizik (balki kimyogar) haqiqat faqat fizikada (balki kimyoda) deb bahs yuritayotgan boʻlsa ajab emas. Habib Sattorov toifasidagi odamlar uchun bu aldamchi dunyoning hiylalari odatiy hol. Ular bu hiylalarga bas kela olmasliklarini biladilar. Osmonga otilgan tosh qaytib tushgani qanchalik haqiqat boʻlsa, ular uchun bu yorugʻ olamni tozalash mumkin emasligi shunchalik isbot talab etmovchi haqiqat. Adolat istovchilar Sattorov nazarida kamikadze, qaysidir fizik nazarida esa shamol tegirmonini dev deb faraz qilib, jangga kirgan nodon Doʻn Kixotlardir.

Har bir odam dunyoga oʻz koʻzi bilan qaraydi, har bir narsani oʻz qarichi bilan oʻlchaydi. Oqibatda oʻz idrokiga xos ravishda dunyo formulasini yaratadi. Shunday ekan, professor bilan bu sohada bahslashishi foydasiz.

Zohid ustozining hovuri bosilishini kutib, indamay oʻtirdi. Oyoqlari uni bu tomonga boshlaganda koʻngli taskin istagan edi. Qiziq, haqiqat uchun kurashish foydasiz degan aqida bilan yashovchi odam unga qanday taskin berishi mumkin? U bir yil davomida ingliz ilm ahlini lol qoldirib yuradi. Bu yerda esa kim kimni oʻldiradi, kim mansab kursisiga intilib hamkasbini yanchib oʻtadi, kim kimni kamsitadi — bu bilan ishi boʻlmaydi. Zohid shuni oʻylab, ustozidan nafratlana boshladi. Hatto shartta turib, chiqib ketgisi ham keldi. Biroq, farishtalar uning qiligʻiga «oʻzingni bos, axir kimdir ilm bilan ham shugʻullanishi kerak-ku? Adolat deb, toʻrt xonalik yaxshi uy olaman, deb, akademik boʻlaman, deb bir nodon bilan olishsa, ilm nima boʻladi?» deya shivirlab uni shashtidan qaytarardi.

3

Zohid professornikiga kirayotganida qanday tushkun holda boʻlsa, chiqayotganida yelkasidan bosib turgan dard yuki bir misqol ham kamaymagan edi. Mashina gʻildiraklari ostida ezgʻilanib, kirlanib ketgan qor eriy boshlagan, goʻyo atrof balchiqqa belanayotganday edi. Zaif qor uchqunlari esa bu ifloslikni qoplab ulgurmasdi.

Zohid uyga borsammi yo qishloqqa chiqib ketsammi, deb picha ikkilandi. Qishloqdan kecha kechqurun keldi. Bugun borsa ota-onasi «nima boʻldi?» deb xavotirlanishadi. Uyda hech kim yoʻq — xotini ishda, oʻgʻli boqchada... U yana oyoqlariga erk berdi. Bizga shunday tuyuladi: goʻyo oyoqlarimizga erk beramiz, bu erkin oyoqlar bizni qaygadir boshlab boradi, goʻyo qayoqqa borayotganimizni bilmaymiz. Holbuki, miyamizdagi yashirin bir nuqta bu erkin oyoqlarni boshqaradi, «u yoqqa yurma, bu yoqqa yur», deb turadi. Hozir Zohidning oyoqlari uni (goʻyo beixtiyor) vinzavod tomonga yetakladi. Bilchillab eriyotgan qorlarni bosib, koʻlmaklarni chetlab oʻtib, qorovulxonaga ham olib kirdi.

Qorovulxona temir panjara bilan ikkiga boʻlingan, panjara oʻrtasida bir qulochli aylana temir eshikcha bor edi. Panjara ortidagi eski stol atrofida uch yigit davra qurib, choyxoʻrlik qilib oʻtirardi. Ular Zohidga bir qarab qoʻyishdi-yu, indashmadi. Zohid ham ularga qarab turaverdi.
— Ha, ukaxon, xizmat bormi? — dedi qoʻngʻiz moʻylovli yigit.
— Qilich aka kerak edilar, — dedi Zohid.

Yaxshiki qorovul «nima ishingiz bor edi?» deb soʻramadi. Soʻrab qolganida Zohidning dovdirashi tayin edi.
— Qilich akamlar bugun ishga chiqmadilar. Toblari yoʻq, — dedi qorovul.

«Bilmaydimi yo laqillatmoqchimi?»
— Sharif aka-chi?

Qorovul kulimsiradi.
— Sharif akangizga besh-oʻn yildan keyin kelasiz, ukaxon.
— Nimaga? — dedi Zohid ajablanganday.
— Safarga ketganlar, — dedi gapga aralashmay oʻtirgan qorovul yigitlardan biri. Uning soʻzlarini ma’qullab, sheriklari kulishdi. Shu payt zavod hovlisiga olib chiquvchi eshik ochilib, yelkasiga suvsar yoqali palto tashlab olgan doʻmboq juvon qorovulxonaga kirib barchaning e’tiborini oʻziga qaratdi.
— Salimchik, mana buni yopishtirib qoʻy, — dedi juvon qoʻngʻizmoʻylovli qorovulga bir parcha qogʻoz uzatib.
— Siz yopishtir, deysiz-ku, biz yopishtirmaymizmi, — dedi qoʻngʻizmoʻylov, oʻrnidan turib. Bu hazildan sheriklari miriqib kulishdi. — Nima bu oʻzi?
— Ministrning pirkazi.

Qoʻngʻizmoʻylov chap qoʻli bilan qogʻozni olib, oʻng qoʻlini ayolning dumbasiga yubordi. Juvon «otstan» deb qoʻliga asta urib qoʻyib, iziga qaytdi. Qoʻngʻizmoʻylov qogʻozga koʻz yugurtirdiyu ajablanib sheriklariga qaradi.
— Ie, vey, — dedi u, — bu yogʻi allambalo boʻp ketdi-ku, «Sulaymonov ishdan olinib, Namozov direktor vazifasini bajarishga kirishsin...»

Ikkala yigit shoshib oʻrnidan turib, qogʻozga qaradi.
— Birov hazillashgandir?
— Toʻxta, — dedi qoʻngʻizmoʻylov telefon tomon yurib. Shunda begona yigit serrayib turganini eslab, unga norozi qiyofada boqdi. — Hech kim yoʻq bugun, ertaga kelasiz.
— Nima yumushingiz bor edi, oʻzi? — dedi hali gap tashlagan yigit.
— Ishga kirmoqchiydim, — dedi Zohid.
— Bu yerda ish yoʻq, qurilish-purilishga boring, — dedi yigit.

Zohid bu qimmatli maslahat uchun minnatdorlik bildirib, tashqariga chiqdi-da, zinadan pastga tushmay turdi. Orqasiga bir qaraganda qoʻngʻizmoʻylov telefonda gaplashayotgan edi. Yana bir qarasa buyruq yozilgan qogʻozni devortaxtaga yopishtiryapti. «Demak, bu yogʻi ham pishgan. Qoʻngʻizmoʻylov kimga qoʻngʻiroq qildi? Ministrlikkami? U yerdagilar qorovul bilan gaplashib oʻtirisharmidi? Kimdan soʻradi? Asadbekdanmi?»

IX bob

1

Tabibboshi Anvarning gaplarini eshitib, «bari-bir yalinib kelar ekansan-ku», deganday istehzo bilan kulimsirab qoʻydi.
— Oʻjarlik qilib chiqmay qolganingizda sizni chindan ham telba degan boʻlardim. Hozir doʻxtiringizga aytaman, qogʻoz yozib beradi.
— Biratoʻla majruhlikka chiqarib yubormaysizlarmi ishqilib? — dedi Anvar xavotir bilan.
— Qoʻrqmang, — tabibboshi «holing shumidi» deganday yana iljaydi, — invalidlikka chiqish osonmas, yana ikki-uch marta kelsangiz, ana oʻshanda oʻylab koʻramiz.
— Hali yana koʻrishar ekanmiz-da, — Anvar unga koʻzini loʻq qilib tikildi. — Sizni tortib koʻrish yanagi safarga qolarkan-da a? Necha kilo goʻsht berishingizni bilmay chiqib ketaveramanmi endi?
— Bas qiling!..

Tabibboshi asabiy holda emas, yalinish ohangida aytdi bu gapni. Gap ohangi Anvarni ajablantirdi. Bu yerda boshqa qiladigan ishi yoʻq edi, chiqib ketaversa ham boʻlardi. Biroq, tabibboshi yuzida istehzo uchqunlarining yoʻqolib, koʻziga mung soya tashlashi uni hayron qoldirib joyiga mixladi. Tabibboshi uni haydab chiqarmadi.
— Xafalik sizga yarashar ekan, koʻzlaringiz chiroyli boʻlib ketarkan.
— Qoʻying, gapirmang, — tabibboshi oʻrnidan turib deraza tokchasiga qator terilgan tuvakdagi gullar oldiga keldi. Qoʻllarini qovushtirganicha Anvarga orqa qilib turdi. Undan anchagacha sado chiqmadi.
— Jinnilik ham evi bilan-da, — dedi u nihoyat. —

Kimligingizni bilmaymanmi? Siz alamingizni mendan olmoqchisiz. Men bir bechora tul ayol boʻlsam. Sizning erkak degan nomingiz bor... — tabibboshi shunday degach, Anvarga oʻgirildi. — Ha, faqat nomingiz bor. Gapimdan ranjimang, yolgʻiz siz emas, hammangiz... birsiz... Aslida erkak zoti qolmagan. Hammayoqni xotinchalish bosib ketgan.

«Bu yogʻi zoʻr boʻldi-ku? — deb oʻyladi Anvar. — Nimaga shama qilyapti u, yo qarmoq tashlamaganimgami? Qani, eshitaveray-chi...»
— Zoʻr boʻlsangiz, aqlli boʻlsangiz, haqiqatparvar boʻlsangiz nimaga bu yerda miq etmay oʻtiribsiz. Bu yerga yuborganlarga qarshi nima uchun bosh koʻtarmadingiz? Oʻrtogʻingiz-chi, u kim? Endi Asadbekka malaylik qilyaptimi? Siz chiqib kim boʻlasiz? Siz ham Asadbekning yalogʻini yalaysiz. Yalamay koʻringchi!.. — Tabibboshi erimning kuni boshingizga tushadi, demoqchi edi, lekin roʻparasida hasratdoshi emas, begona erkak oʻtirgani uchun bunday demadi. Birdaniga yorilib, shuncha gaplarni aytvorgani ham yetarli edi.

Tabibboshi aslida Elchin kelib-ketganidan soʻng aytmoqchi edi bu gaplarni. Sirtdan qaraganda begʻam, hayot lazzatlaridan bahramand yashayotganday koʻringan bu doʻmboq ayolning ichi hasratga toʻla edi. Toʻgʻri, yemoq-ichmoqdan kam-koʻsti yoʻq. Lekin ayol kishiga shuning oʻzi yetarlimi? Qimorboz boʻlsa ham eri bor edi. Ertaga qaysi erkak erkalar ekan, degan oʻyda yashamasdi. Yetim toʻshakka kirganida koʻkraklari oʻrgangan qoʻlni qoʻmsab zirillaydi. Kelinlik chogʻlari oʻrganolmay qiynalgan aroq va sigaretning aralash qoʻlansa hidini ham sogʻinadi. Uning dardini faqat yostiq biladi. Koʻzyoshlarga aylangan hasratni yostiq bagʻriga singdirgan. Yer qon ichib toʻymaganidek, yostiq ham hasrat koʻzyoshlarini ichib toʻymaydi.

Soppa-sogʻ yigit-qizlarning bu yerga yotqizilishiga u koʻnika boshlagan edi. Ayniqsa jinoyat qilib qoʻygan yoki harbiydan qochirilganlar bu yerga tez-tez keladi. Tabibboshi bu holdan iztirobga tushmasdi. Lekin hech qanday jinoyatga aloqasi yoʻq, faqatgina toʻgʻri gapni aytishni yaxshi koʻruvchi odamlar keltirilganda oʻzini qoʻyarga joy topolmay qolardi. Toʻgʻri, u ruhiy xastaliklar boʻyicha mutaxassis emasdi. Lekin odamning koʻziga, soʻzlariga qarab es-hushi joyidaligini ajratish qiyin emas-ku! Anvarni dastlab koʻrganida ham esi butunligini bildi. Keyin ish joyi, kasb-kori bilan qiziqdi. «Bu yigitning kasali — haqiqat», deb oʻzicha tashxis qoʻydi. Tabibboshi bu esi sogʻ odamga achinsa, u «necha kilo goʻsht qilarkinsiz», deb masxaralab yuribdi. Tabibboshining alami shundan edi. Gapirib sal xumordan chiqqanday boʻldi.

Anvarga, shubhasiz, uning kechinmalari begona edi. Tabibboshi u uchun zanjirning bir halqasi edi xolos. Ayolning gaplarini alamga toʻla yurak sadosi sifatida emas, shunchaki gina kabi qabul qildi. Tabibboshining «Asadbekning yalogʻini yalaysiz», degani tovonigacha zirillatib yubordi. «Siz-chi, kimnikini yalaysiz, xalqlar otasinikinimi?» demoqchi boʻldi-yu, shu gapni aytsa bahs choʻzilishini bilib oʻzini tiydi. «Jinnixona malikasi» deb nom olgan bu doʻmboqqina ayol bir nimalar deb valdirasa javob qaytarish shartmi, balki meni sinamoqchidir, balki gap olmoqchidir, balki uchinchi qavatga «koʻtarish» uchun zamin hozirlayotgandir...» Anvar shu fikrlar bilan oʻzini ovutdi.

Tabibboshi Anvardan sado chiqmagach, gapim ta’sir qildi, degan xulosaga kelib: «Xayr boʻlmasa», dedi.

Anvar bosh irgʻab oʻrnidan turdi. Bir-ikki qadam qoʻyib, orqasiga oʻgirildi.
— Koʻrishgunchami? — dedi kulimsirab.

Tabibboshi bu gapni eshitib, tutaqib ketdi:
— Odam emasakansiz! — deb yuzini chetga burdi.

2

Havo aytarli sovuq emasdi. Ammo qor uchqunlarini oʻynatib yurgan shamol «ust-boshingning qalinligi menga choʻt emas, baribir qaqshataman», deganday odamlarga hamla qilar edi. Shunday havoda pinjagining yoqasini koʻtarib, qoʻllarini choʻntaklariga solib, shumshayib qolgan yigitga qarab birovlar «esi sogʻmi bu odamning» desa, birovlar «yoʻltoʻsarlar yechintirib olgan shekilli», deb achinardi. Hech kim «bu bechorani kuzda jinnixonaga xuddi shu kiyimda olib kelishgan edi, «xotinim palto olib kelar», deb kutib oʻtirmay chiqib kelaveribdi-da», demas edi.

Avtobusda Anvarning joni picha orom olgan edi. Pastga tushib besh-oʻn qadam bosmay yana qaltiray boshladi. Tez-tez yursa ham isimadi. Hovlisiga bezgakka uchragan odamday titrab-qaqshab kirib keldi. Uyiga kirmay, toʻgʻri hovli etagidagi onasining xonasiga qarab yurdi. «Uydamikinlar ishqilib?» deb oʻyladi u. Onasi, koʻzi ojizligiga qaramay, devorlarni paypaslab yurib qoʻshnilarnikiga yoʻrgʻalab qolardi. Mahalla-koʻyning issiq-sovugʻidan doimo xabardor boʻlib turgan ayol koʻzdan qolsa qiyin ekan. Uyga sigʻmaydi. Koʻngil qurgʻur «oʻtirma, qoʻni-qoʻshnilarnikiga chiq, dardi boʻlsa dardini ol», deyaveradi. Shunaqa paytda yomgʻirmi-qormi, issiqmi-sovuqmi farqi yoʻq— uydan chiqadi.

Eshikka yaqinlashganida radiodan chiqayotgan ovoz eshitildi. «Uyda ekanlar» deb oʻyladi Anvar yengil tortib. Eshikni ochib ichkari kirishi bilan onasi:
— Kim? — dedi. Javob kutmay soʻradi: — Anvar, senmisan?
— Menman, oyi, assalomu alaykum.
— Voy, bolaginamdan aylanay, kelgan boʻlsang oʻrgilay, nimaga qaltirayapsan, bolam? — u shunday deb oʻrnidan turmoqchi boʻldi. Anvar tez-tez yurib borib choʻk tushdi-da, onasini quchdi.
— Voy, bolam, yupunligingcha kelaverdingmi? Sodiq akangnikiga telpon qilsang boʻlmasmidi? Xotining uydaydi-ya, lip etib kiyimlaringni olib borardi. Tanchaga oʻtira qol, ha, omon boʻlgur-a, shunday kelaverganingni qara. — Risolat kampir Anvarni xuddi goʻdakni avaylaganday tanchaga oʻtqazdi. Qoʻlini koʻrpa orasiga tiqib choynakni oldi-da, choy quyib uzatdi: Anvar hovuri oʻlmagan choydan bir-ikki hoʻplagach, Risolat kampir oʻrnidan turib, radioni oʻchirdi. Soʻng eshikni qiya ochib «Xonzoda-yu, hoy Xonzodaxon», deb chaqirdi. Xonzoda — Anvarning koʻz ochib koʻrgan xotini. Asl ismi Zebi. Charlari kuni Risolat kampir «Mening oʻgʻlim anov-manov bolamas, u xonning oʻzginasi, kelinim esa Xonzoda boʻladi» deb hazillashganidan beri Zebi — Xonzoda boʻlib ketgan. Hovlidan «Hozir, oyijon», degan ovoz keldi. Dam oʻtmay eshik ochilib, Zebi — Xonzoda koʻrindi. Eriga koʻzi tushib «Voy», deb ajablandi. Keyin shoshilib salom berdi.
— Kecha... indamovdingiz-ku? — dedi oʻpkalanib.
— Kecha noma’lum edi. Bugun qarashsa, tuzalib qolibman. Senga ruxsat, toʻrt tomoning qibla, deyishdi, kelaverdim.
— Tuzalib qolding, deyishdimi? Oldin kasalakansanmi, voy omon boʻlgur. Hay, Xonzodaxon, issiq kiyimlarini olib chiqing darrov.
— Uyga kiraqolinglar... issiqroq-da.
— Shu yerda birpas oʻtirsin, tancha sovuqning zaxrini oladi. Olovni titib qoʻyay-chi. Shu er sizniki, man bilan birpasgina oʻtirsin, keyin olib chiqib ketasiz.
— Voy, oyi, gapingizni qarang...

Risolat kampir «bopladimmi», deganday miriqib kuldi.
— Sodiqnikiga chiqib mullakangizga tilpon qilib qoʻying. Maskoviga ketmagandir hali. Ukasini koʻrib ketsin. Hay, yana Habib Sattorovich, demang-a. Mullaka deng...

Xonzoda: «Xoʻ-oʻp, oyi» deb chiqib ketdi. U qaynogʻasi bilan birga ishlar, koʻpchilik «Habib Sattorovich» degani uchun u ham uyda ba’zan shunday deb yuborar, oʻrnida uzib oladigan qaynona shubhasiz, buni nazardan chetda qoldirmas edi.

Habib Sattorovich Zohidni kuzatib, endigina qogʻozlariga tartib berayotganida telefon jiringladi. Ukasining qaytganini, onasining topshirigʻini eshitib, soatiga qarab oldi — hali vaqt bor. Tezgina kiyinib yoʻlga tushdi.

Anvar tanchaning issigʻida huzurlanib oʻtirganida akasi kirib keldi. Quchoqlashib koʻrishdilar.
— Xafa boʻlma, seni yoʻqlab bormadim, — dedi Habib. U ukasiga «borolmadim» emas, «bormadim», dedi. Anvar uning maqsadini tushunib, kulimsirab bosh irgʻab qoʻydi. Biroq, Risolat kampir «bormadim»ning ma’nosini anglamay, toʻngʻichiga tanbeh bera ketdi:
— Voy, omon boʻlgur, ukang shuncha yotib bi-ir martayam bormadingmi? Senki, bormagansan, xotining oʻzingdan besh battar. Voy, man bilganimda sanlarni bi-ir qovurib tashlardim-a! Voy, san insofi yoʻqlar...
— Oyi, — dedi Habib norozi ohangda, — qoʻying endi.
— Nimaga qoʻyarkanman? Hali xotining kelsin. Sen unga maslahat solgansan. U «qoʻying, nastraenayz buziladi» degan. San laqma, koʻngansan.
— Oyi, kennayim bordilar, — dedi Anvar vaziyatni yumshatish uchun. — Akamni urishmang, ishlari koʻp.
— Toʻgʻri aytding, ishlarim koʻp. Lekin ishim kam boʻlganida ham bormas edim. Sababini oʻzing bilasan.
— Sababini manam bilay-chi, qani ayt-chi, tillaring muncha shirin!
— Mening tilim shirin, oyi. Mana buningizniki zahar. Shu tili yetaklagan uni u yoqqa. Buningiz kasalmas. Buni miyasinimas, tilini davolash kerak.
— Shunaqa doʻxtir boʻlsa birga boraylik, — dedi Anvar quvlik bilan, — suyakli tilingizni sal yumshatib bersin. Tilingiz «a» kvadrat, «b» kvadratdan boshqani aytishga yaramaydi.
— Oyi, meni urishishga chaqirtiruvdingizmi? — dedi Habib, bir oz achchiqlanib.
— Seni urishib turish kerak. Hamma ayb oʻzingda. «Ukam oʻzi xohlagan kasbni tanlasin», deding, yoningga olmading. Oʻzing doʻxtir boʻlib olib gerdayi-ib yuribsan. Yetti yot begona bolalarni olim qilib yubording. Ukangning biri ikki boʻlmay sarson.
— Buningiz karra jadvalini bilganda ham mayli edi... Ha, nimaga ishshayasan?
— Qoʻying, bu gaplarni. Oyim bir gapirdilar-da. Maskovga ketyapsizmi?
— Ha, MGUda bir oy dars oʻtaman.
— Domlangiz hali ham chaqiryaptimi?
— Chaqiryapti.
— Borasizmi?
— Balki borarman, senga nima?
— Maskovda haqiqat bor, deb oʻylaysizmi?
— Menga haqiqat emas, ilmiy ish uchun sharoit kerak.
— Haqiqat yoʻq yerda sharoit ham boʻlmaydi. Domlangiz boshingizni silagani bilgan «qora-quralar nasibamizni yeb ketyapti», deydiganlar koʻp u yerda.
— Sen safsatangni qoʻy. Hozir bittasi kelib boshimni qotiruvdi.

Xonzoda kirib, ularning suhbati uzildi.
— Mehmonxonaga dasturxon soldim.
— Vo-ey, Xonzodaxon, eringizni olib chiqib ketmaguningizcha koʻnglingiz tinchimadi-ya! — Risolat kampir shunday deb fotiha oʻqidi-da, oʻrnidan turdi. Ikki oʻgʻil ikki qanotida, hovliga chiqdi.

Onaga ikki qanot boʻlib turgan oʻgʻillarning faqatgina sohasi boshqa emas, dunyolari ham oʻzgacha. Katta qanot ohista uchishni xush koʻradi. Kichigi charx urishni, oʻzini dovul bagʻriga urishni istaydi. Ona uchun esa olimi ham, isyonchisi ham bir — har ikkovi farzand! Habib Ingliston qirol akademiyasi a’zoligiga erishib, Nobel mukofoti bilan taqdirlangan, Anvar mamlakat jumhurraisi darajasiga yetgan taqdirda ham ona uchun qulogʻiga gap kirmas, bevosh goʻdak boʻlib qolaveradi. Dunyoning sehri shundaki, qoʻsh qanoti — ikki oʻgʻilning fe’liga qarab turib ularning shu onadan tugʻilganiga shubhalana boshlaysan. Qosh-koʻz onaga oʻxshasa-da, fe’l togʻalariga tortgan. Anvar katta togʻaga oʻxshaydi. Haqiqat izlab topgan koʻchasi uni turmaga boshlagan edi. Togʻasi ikki marta qamoq jabrini koʻrgan boʻlsa-da, Anvardan omadliroq, hatto baxtliroq ham edi, deyish mumkin. Chunki uning «siyosiy mahbus» degan nomi bor. «Xalq dushmani» deb qoralanganlar endi «xalq qahramonlari» sifatida e’zozda, Anvar haqiqat izlab kirgan koʻcha esa, uni «jinni» degan unvonga sazovor etdi. Bu unvon yorligʻi bir umr oʻzgartirilmasa kerak.

Habib oʻrtancha togʻasiga tortgan. Urushdan qaytib kelganidan beri kunduzi traktor, quyosh botganda yarimta aroqdan boshqa narsani tan olmaydigan togʻasiga qarab turib, bu bandani ham Xudo yaratganmi, deb ajablanasiz. Toʻrt yil qirgʻindan omon qaytgan odam koʻkraklarini toʻldirishi mumkin boʻlgan nishonlarini biron marta ham taqmabdi. Biron yerga haqini talab qilib bormabdi. Nemisni uzoqdan bir koʻrib qolgan odamlar e’zozda yurganlarida u «nima uchun men qora moyga belanib yuraverishim kerak», demabdi. Uning urushga borganini keksaroq odamlar eslashadi, yoshlar esa bilishmaydi. Faqat bir ukrain, bir chex generali uni qidirib kelishdi-yu, shahar biqinidagi qishloq bir seskanib olganday boʻldi. Mehmonlar istagi bilan qishloq ahli, qarindoshlar toʻplanib qirq yil sandiqda eski roʻmolga tugib qoʻyilgan nishonlar, suratlar olindi. Uning Berlinda Cherchill bilan tushgan surati barcha gazitlarda bosildi. «Oʻzbek qahramoni», deb koʻklarga koʻtarildi. Ammo «oʻzbek qahramoni» bu paytda u dunyo lazzatlaridan bahramand edi. Generallar izlab kelmasidan ikki yil oldin nemisning oʻqi ololmagan odamni ajal dalada topdi — dorilangan yerga kirib hushini yoʻqotganicha, xuddi panadan uzilgan oʻqqa duch kelganday armonda ketdi.

Habib, umri oʻxshamasin ishqilib, shu togʻasiga tortgan. Olimlar «Yoʻqdan bor boʻlmaydi, bordan yoʻq boʻlmaydi», deganlaridek, inson fe’li, ruhi ham yoʻqlikka hukm qilinmas ekan. Risolat kampir bolalaridan oʻpkalab, «sen kimlarga oʻxshading, hayronman, dadang unaqa emas edilar» deb qolsa, «falonchi togʻamga» deb kulishardi. Shunda Risolat kampir oʻgʻlining togʻasiga sira oʻxshamasligini isbot qilish uchun akalarining fazilatlarini sanab ketardi. Oqibatda bu «fazilatlar qaysi biri senda bor?» deb soʻrardi. Uni bu paytda tinchlantirishning birdan-bir yoʻli — «hech qaysisi yoʻq» deb tan olish. Aslida-ku, Risolat kampir bolalarining kimga tortganini yaxshi biladi. Bilgani uchun ham koʻngli toʻq. Har holda erining urugʻlariga tortmadi-ku. Risolat kampirning qaynilari, qayinsingillari muttahamroq — bezrayib turib yolgʻon gapiraverishadi. Xudo Risolatga rahm qilib, farzandlarini ularga oʻxshatmadi.

Bu dunyo azobidan yetarli totgan Risolat «koʻzlarimdan nurni olgan parvardigor jonimni qachon olar ekan», deb yurganida kichigining «jinni boʻlib qolganiga» asti chiday olmadi. Uning dardlariga hovli etagidagi oʻsha tanchali uy guvoh. Koʻrishga yaramay qolgan koʻzlar yigʻiga yarab turganiga ham ba’zan shukr qiladi. U Anvarning ishxonasidagi gap-soʻzlarni, xalq otasining nayranglarini bilmaydi. «Oʻgʻlim tirnoqqa zor boʻlgani uchun siqilib kasalga chalingan», deb oʻylaydi. Institutdagi ahvolni Habib ham aniq bilmaydi, ammo oʻzicha taxmin qiladi. Mana endi oʻgʻlining «tuzalib kelganidan» xursand ona ikki qanotida ikki oʻgʻli bilan hovlini kesib oʻtib, mehmonxonaga boryapti.

3

Habib bir piyola choy ichdiyu safarga hozirlik koʻrishi lozimligini aytib oʻrnidan turdi.
— Toʻxta, oʻtir, — dedi Risolat kampir. — Oʻris boʻlib cherkoving yoʻq, musulmon boʻlib machiting yoʻq, san bolaning. Doʻmga borib musulmonchilikdan chiqding. Duo olib ketmaysanmi? — shunday deb fotihaga qoʻl ochib uzundan-uzoq duo qilgach, Habib uning yonoqlaridan oʻpib qoʻydi. Koʻchaga qadar kuzatib chiqqan ukasiga qoʻl uzatdi-da:
— Kalovlanib yurganing ham yetar, a? Avval haq gapni ayttirishmaydi, deb nolirding. Yolgʻon gap bilan tarix ilmini yaratib boʻlmaydi, derding. Endi ham sharoit yetilmadimi? Hammayoqni oshkoralik bosib ketdi-ku? Shoirchiligingni yigʻishtirib, ilm bilan shugʻullan. Keyin afsuslanasan. Bunaqa sharoit uzoq davom etmasa kerak, — dedi.

Anvar akasiga qarab jilmaydi-da: «Xudo poshsho!» deb qoʻydi.

Akasini kuzatib kelib, onasi bilan ikki ogʻiz soʻzlashishga ulgurmay, darvoza qoʻngʻirogʻi bir uzun, ikki marta qisqa-qisqa jiringladi.
— Hofiz oʻrtogʻing keldi, — dedi Risolat kampir.

Anvar oʻrnidan turishga ulgurmay, hovlida Elchin paydo boʻlib, «Mirzo Anvarbek!» deb chaqirdi. Maktabda oʻqib yurishganida oʻrtoqlari uni «Mirzo Anvar», koʻngil qoʻygan qizi Lolani esa «Ra’no» deb chaqirishardi. Bolalik sururi moziyga koʻchgan boʻlsa ham Elchin doʻstini erkalagisi kelganda «Mirzo Anvarbek!» deb yoʻqlar edi. Hozir ham lutf bilan shunday deb kirib kelishi Anvarni iydirib yubordi.
— Opoqijon, quvonib oʻtiribsizmi? — dedi Elchin, kampirning duosini olgach. — Bir oshnamdan xabar olay devdim, niyat xolis-da, oʻzi kelib qolibdi.

Anvar unga qarab «quvligingga qoyilman», deganday bosh irgʻab qoʻydi. U yo tabibboshiga qoʻngʻiroq qilgan, yo oʻzi yana borib kelgan. Anvarning qaytganini bilib kirgan. «Niyat xolisligiga» kampirni ishontirdi, ammo Anvarni laqillata olmadi. Shunga qaramay Elchin Anvardagi oʻzgarishlarga parvo qilmadi. Xuddi uni emas, opoqisi Risolat kampirni koʻrgani kirganday laqillab oʻtiraverdi. Anvarga «yaxshi keldingmi?» deyishdan boshqa soʻz aytmadi. Kampirning yoniga oʻtirib olib, gapni ahvoli olamdan boshlab, soʻng barmoqlarini shaqillatib «yovvoyi tanovar»ni xirgoyi qildi. U gaplari bilan kampirni charchatdimi yo koʻpni koʻrgan sezgir Risolat ikki oʻrtoqning oʻz gaplari borligini fahmladimi, har nechuk Elchinning nafas rostlashini kutib turib, suhbatni uzdi.
— Endi men uyimga chiqay, oʻruscha ustalingda belim qotib qoldi. Sanlar gurunglashib oʻtiringlar. Ammo ichmanglar. Anvarimga sirayam yoqmaydi. San, hofiz bolam, toʻyma-toʻy yurib, ichishga oʻrganib qolgansan. Sanam tashlagin ichkilikni.
— Otliqqa yoʻq-ku, hozir, — dedi Elchin kulib.
— Qassobga mol qahatmi, voy bolam, sanlarni bilaman-ku, tomoqlaring qichishsa yerning tagidan boʻlsayam topasanlar. Shiri-in gaplashib oʻtiringlar. Mana, Xudoga shukr, san oqlanib kelding. Oʻrtogʻing ham keldi. Endi san uylangin, bolam. Oʻrtogʻingning qayinsinglisini bi-ir koʻrgin. Husni ham, aqli ham bebaho. Qaynonasi noshukr banda ekan, sigʻdirmay turmushini buzdi. Bitta oʻgʻli bor — olamga tatiydi. San xoʻp desang, boʻldi, bu yogʻini manga qoʻyib beraverasan. Xudo xohlasa, baxting ochilib ketadi. Koʻnglim sezib turibdi, oʻrtogʻingning ham baxti ochiladi. Shu bolamning bolasini bi-ir oʻpib keyin oʻlsam armonsiz ketardim. Xudo «shu nevarangni koʻrasan» deb jonimni saqlab turibdi-da...

Risolat kampir keyingi gaplarini yigʻlamsirab aytdi. Qayinsinglisidan gap ochilganida Anvar «Elchinboy katta odamga kuyov boʻladigan, juvonga emas, qizga uylanadigan yigit, uni yerga urmang», deb bir uzib olmoqchi boʻldi-yu, onasining kayfiyati buzilganini bilib, indamadi.

Farzanddan gap ochilsa, Anvarning ham yuragi siqiladi. Dastlab tanish-notanishlar «bola-chaqa omonmi?» deb soʻrashganida oʻngʻaysizlanib yurdi. Farzandsizlik katta gunohdek tuyuldi. Shunda xotinining gapiga kirib davolanmoqchi ham boʻldi. Keyinchalik bola boqib olishga rozilik ham beray dedi. Ammo yon-atrofdagi razilliklarga duch kelavergach «shu azoblarga giriftor qilish uchun bola koʻramanmi», deb qaysarlik qildi. Asta-sekin «bola-chaqa omonmi?» degan soʻroqqa bosh irgʻab qoʻyar, kayfiyati yaxshi boʻlsa «yurishibdi doʻmbillab», derdi. «Bolalardan nechta boʻldi?» deb soʻrab qolinsa «qaysi xotindan?» deb hazilga burvoradigan boʻldi. Faqatgina onasi gapir-ganda yuragi siqiladi. Unga «umid qilmang», deya olmaydi. Goʻyo umid uzilsa, joni ham uziladigan- day tuyuladi — «mayli, umid bilan yuraversinlar...»

Anvar onasini qoʻltiqlab, hovliga olib chiqdi.
— Mani sudramay qoʻyvoraver, yoʻlni oʻzim topaman, — dedi kampir. — Oʻrtogʻingni yolgʻizlatma. Koʻnglini koʻtar, boyaqishning. Bir amallab qayinsinglingni koʻrsat. Qudalarimni oʻzim koʻndiraman. Qamalgan boʻlsayam yaxshi bola. — Kampir shunday deb koʻzi ochiq odamday oʻzi yurib ketdi. Anvar onasi uyga kirguncha izidan qarab turdi. Risolat kampir ostona hatlab oʻtib orqasiga oʻgirildi:
— Nimaga qoqqan qoziqday turibsan, kir ichkariga!

Anvar buyruqqa itoat etib, uy tomon qadam bosganida qoʻngʻiroq jiringladi. Uch tavaqali darvozaning oʻrta qanoti ochiq edi. Anvar qoʻl qovushtirib turgan qoʻshnisini koʻrib, chehrasi ochildi.
— E, kelsinlar, Hojiqori aka, — deb peshvoz chiqdi.

Risolat kampir mehmonning ovozini eshitib, uyi eshigini ochib, oʻsha yerda turib soʻrashdi-da:
— Moshinangiz topildimi, qori bolam? — dedi.
— Topildi, xolajon, Xudoga shukr, topildi.
— Yaxshilikka buyursin. Halolga kelgan narsa yoʻqolmaydi. Qani, kiringlar, Anvarjon, boshla uyga.

Elchin Sobitxon qorini avval koʻrmagan, u haqda eshitmagan ham edi. Shuning uchun «kim ekan bu mulla, nima qilib ivirsib yuribdi?» deb oʻyladi. Qorining ma’nodor koʻzlari unga kiborlik bilan boqqanday tuyuldi. Sobitxon qori qisqagina duo oʻqigach, Anvardan hol-ahvol soʻradi.
— Koʻchada mulla Habibxon akani ittifoqo uchratib, bu koʻngilxush xabarni eshitdim. Mavridi boʻlmasa ham, yoʻqlay dedim. Uzr, suhbatlaringizga xalal berdim. Sizni bir borib koʻrolmadim, buning uchun ham ming bor uzr. Ammo har vaqt duolarda jumla dardmandlar qatorida sizga ham shifo tiladim.
— Qulluq, taqsir, bu... moshinaga nima boʻldi?
— E, nimasini aytasiz. Odamlardan iymon koʻtarilsa shu-da. Hovlidan olib chiqib ketishibdi. Gʻaflatda qolibmiz. Oʻzim yurgizolmay garang edim. Qanday minib ketishdi ekan, hayronman.
— Qaytarishdimi axir?
— Qaytarishdi, binoyi yuryapti, deng, — qori shunday deb miyigʻida kuldi.
— Tuzatgani olib ketishgan ekan-da, a? — dedi Anvar hazillashib.
— Koshki edi, koshki edi, — dedi qori jilmayib, — bu bir gʻalamislarning ishi. Asadbek degan odamni eshitganmisizlar?

Bu gapni eshitib Anvar bilan Elchin koʻz urishtirib olishdi. Qori buni sezmay, soʻzini davom ettirdi:
— Shu odam deng, mahallasida masjid soldirayotgan ekan. Imomlikka chaqirtirdi. Bormadim. Harom pullarga qurilgan masjidda namoz oʻqib, oxiratimni kuydirmayman, dedim. — Qori keyingi gaplarni gʻurur ohangida aytib «boplapmanmi!» deganday Anvarga qaradi. Anvar suhbatga qoʻshilishga ulgurmay kutilmaganda Elchin soʻz boshladi:
— Chakki qilibsiz, birodar, — dedi u.

Sobitxon yalt etib notanish mezbonga qaradi. «Qori aka», «Hojiqori aka», «Domlajon», «Taqsirim» degan murojaatlarga koʻnikkani uchun oʻzidan ikki-uch yosh katta odamning «birodar» deyishi unga erish tuyuldi. Elchin undagi oʻzgarishni payqamay gapini davom ettirdi:
— Pulning halol-haromi boʻlmaydi. Har kim oʻz bilgicha topadi. Lekin pulni harom-xarishga ham, savobga ham ishlatish mumkin. Topgan puliga masjid qurdiribdi, imoratda nima gunoh? Shu pullarni yeb-ichib, aysh-ishratga sarf etsa ham boʻlardi-ku?
— Sizning qarichingiz bilan oʻlchansa shundaydir. Ammo Allohning uyi halol peshona teri bilan topilgan pulga qurilmogʻi lozim.
— Qaysi masjid shunday qurilgan? Peshona teri evaziga topilgan pul qorin toʻygʻazishga yetmaydi hozir, siz machit qurishdan gapirasiz. Asadbekdan bekorga gumondor boʻlasiz. U bunaqa mayda ishlarni oʻziga ep bilmaydi.
— Vo ajabo, oʻzi ham menga shu gaplarni aytdi. Ammo unga uchrashganim hamon moshinam topildi-da?
— Topdirib bergandir.
— Siz uni taniysizmi? Uni juda avaylab gapiryapsiz? Piringiz emasmi, mabodo?

Anvar Elchinga soʻz bermaslik maqsadida gapni ilib ketdi. Tanishtirmagani uchun uzr soʻrab, doʻstini ta’riflab berdi.
— Elchin sizmisiz? — dedi qori ma’nodor qilib. — Ashulalaringiz yodimda. Hozir koʻp hamkasblaringiz islom yoʻliga oʻtib ibrat boʻlishyapti.

Elchin bir gapdan qolib, «ha», deb qoʻya qolsa boʻlardi. Biroq, «islomga xizmat qilayotganlar»ning kimligini yaxshi bilgani uchun oʻzini tutib turolmadi:
— Hamma noma’qulchiliklarni qilib koʻrib, endi musulmon boʻlib qolishibdimi? Nima edi, oʻgʻri qarisa soʻfi boʻlarkanmi?
— Qattiq ketmang, birodar. Gunohlari boʻlsa, Alloh oldida oʻzlari javob beradilar. Ashula boshlashlaridan avval «bismillohir rahmonir rohiym» deyishlarining oʻzi ulugʻ savob.

Elchin bu gapni eshitib kulib yubordi, bu kulgi qorini gʻazabga soldi. Anvar ularni murosaga keltirish yoʻlini topa olmay kalovlandi.
— Kulmang, birodar, gunohga botmang, — dedi qori asabiy ohangda.

Elchin kulgidan birdan toʻxtab, unga jahl bilan tikildi.
— Qoshu koʻzingdan akang aylansin, qachon qoʻyningga kiraman, qoʻlimga qachon qoʻnasan, deyish uchun ham bismillo aytish kerakmi? Sizga shu nayrangbozlik yoqadimi? Hech boʻlmasa dinni nayranglardan tozalab qoʻyinglar.

Sobitxon qori «astagʻfirulloh!» deb pichirlab, «bu iblisning dastyori» bilan bahslashishning foydasizligini angladi-da, Anvarga qaradi:
— Chindan ham bemavrid kiribman. Anvarjon, menga ruxsat, — u ruxsatni kutmayoq, fotihaga qoʻl ochdi, — barchamizni Alloh taboraka va taolo iymonda va islomda barqaror etsin, ovmin...

Elchin odob yuzasidan turib, xayrlashmadi, oʻtirgan yerida bosh irgʻab qoʻya qoldi.
— Nimaga unga osilasan, arpangni xom oʻrganmi? — dedi Anvar, qorini kuzatib qaytgach.

Elchin qoʻl siltab qoʻydi.
— Hammasi nayrangboz. Qur’onni sharillatib oʻqib, barchani mahliyo qiladi-yu, bu yoqda maishatdan boʻshamaydi. Menga bittasi aytuvdi: qiyomatda imomlardan tutantiriq qilinar ekan. Tushundingmi, doʻzax olovini yoqish uchun shu imomlar tutantiriq boʻlarkan. Birinchi shular yonadi. Chunki sen bilan men bilmay gunoh qilamiz. Bular bilib turib qilishadi. Har- holda men shu imomingdan keyin yonaman doʻzax oʻtida.
— Sobitxon sen aytgan toifadanmas, uni bekor ranjitding. Ilmi puxta, birovdan bir tanga ta’ma qilmaydi. Millat deb jonini berishga tayyor. Bunaqalar kam...
— Qoʻy, oʻshaningni, — Elchin shunday deb yana qoʻl siltadi.
— Mana, Asadbek akangning iltifotlari bilan «tuzalib» chiqdim. Menda nima ishing bor?
— Sendami?.. Senda ishim yoʻq... Eng muhim ishim shuki, uyingda tuxum bosib oʻtir, opoqimga yaxshi qara, duolarini ol. Boshligʻing bilan oʻynashma. Berayotgan va’dalariga ishonma. Va’da degani bir qopqon, senga oʻxshagan laqmalarni oson ilintirish uchun oʻylab topilgan. Haqiqat uchun kurashish sening qoʻlingdan kelmaydi. Buni menga qoʻyib ber.
— Haqiqat uchun kurashuvchi boʻlib oldingmi, hali? Haqiqat bechoraning kuni senga qolibdimi? Kurashganingiz hozirgi gaplaringiz-da, a?
— Piching qilishga ustasan. Tilingdan zahar tomib turadi. Koʻp oʻqigansan-u, zarracha uqmagansan. Dunyo faylasuflaring yozib ketganday boʻlmaydi hech qachon. Qayta qurishlariga ham ishonma. Boʻrilar bir yumalab qoʻyga aylanishgan. Lekin bu qoʻylar oʻt yemaydi, goʻsht yeydi. Tushundingmi! Senga oʻxshagan laqmalarning goʻshtini yeydi.

Xonzoda ikki kosada mastava koʻtarib kirmaganida ikki doʻstning suhbatidan tutun chiqar edi. Elchin ovqatning issiqligiga qaramay, tez-tez xoʻrillatib ichdi. Ilgari bunday emas edi. Qoshiqni toza sochiqda artib, ovqat ichidan tilla qidirganday obdan aralashtirib sovutib, ezmalanib ichardi. Anvar doʻstidagi bu oʻzgarishni koʻrib, «qamoqning ta’siri-da», degan xulosa chiqardi.

Elchin Anvarning imillab ovqat yeyishini kuzatib oʻtirdi. Kosa boʻshagach, «zarur ishlarim bor, keyin kelaman», deb qoʻzgʻaldi.
— Toʻy qachon? — dedi Anvar.
— Yaqin qoldi. Qamishdan belbogʻ tayyorlab tur.
— Qayinsinglimni koʻrasanmi?
— Keyin... keyin, bir gap boʻlar... — Elchin shunday deb, xayrlashish uchun qoʻl uzatdi.

4

Sogʻinch hislari andak orom olgach, Xonzoda uyquga ketdi. Qariyb ikki oy qattiq karavotda yolgʻiz yotishga koʻnikib qolgan Anvarga ikki kishilik yumshoq karavot torlik qilib uyqu bermadi. Xotinining yengil pishillashini koʻrpa-yostiq oʻziga yutmay, aksincha yanada kuchliroq jaranglatib Anvarning qulogʻiga urganday boʻlaverdi. Butun xona xotinining nafasiga toʻlib ketganday, toza havo qolmaganday tuyuldi. Holbuki, xona bahavo, Xonzodaning yengil pishillashiga e’tibor bermasa ham boʻlardi. Uni bezovta etayotgan narsalar aslida bular emas. Jinnixonadagi bedor tunlar, quyun oʻramiday yopirilib keluvchi xayollarga bandi boʻlish, uchinchi qavatdan kelayotgan baqiriqlar — hayoti mazmunini belgilab qoʻyganday, u aynan shunday yashashga mahkum etilganday edi. Anvar bedorligi ana shu mahkumlik mevasi ekanini anglamay, bunga boshqa sabablar axtardi. U yon-bu yoniga agʻdarilaverish ham joniga tegib, oʻrnidan turdi. Jinnixonada bunday kezlarda suhbatlashuvchi navbatchi hamshiralar boʻlishardi. Jimlikni poralovchi baqiriqlar eshitilib turardi. Harholda tiriklik belgilari mavjud edi. Uyida esa, nainki oʻz uyida, balki butun mahallada osudalik.

Xonzoda erining turganini bildi. Koʻzini salgina ochib qarab qoʻydi-yu, indamadi. Bir ozdan keyin yana uyquga ketdi. Uning pishillashi tingach, soatning chiqillashi bosqondan tushayotgan bolgʻaday jaranglab miyasiga urila boshladi.

Anvar yotoqdan mehmonxonaga chiqdi. Qancha oʻtirganini bilmaydi. Bir mahal uyi yorisha boshlagach, yuragi hapriqib oʻrnidan turib ketdi. Oppoq nur yuqoridan poyandoz singari tushib oyoqlari ostida toʻxtadi. Anvar bu safar qoʻrqmadi, oyoq-qoʻllari muzlamadi. Yoqimli ovoz kelishini kutdi. Ovoz hayallamadi:
— Sen bizdan qochib keldingmi?
— Men... oʻz uyimga keldim.
— Yolgʻon gapirma. Sen bizga ishonmayapsan. Oʻzingni ruhiy xasta deb his qilyapsan. Biz bilan uchrashganingni kimga aytsang ham u seni jinni deb hisoblaydi. Sen yashayotgan dunyo shunday tuzilgan: haqiqatga ishonishmaydi. Haqiqatni aytsang — jinniga chiqarishadi. Faqat bizning sayyoramizdagina haqiqat bor — bunga shak keltirma. Sen bizdan qochma, sayyoramizga butunlay ketishga hozirlan.
— Nima qilishim kerak?
— Oʻzingni jismonan mahv etishing lozim.
— Oʻldirishim kerakmi?
— Ha. Bu bizning asosiy shartimiz. Yuraging urishdan toʻxtamay turib, joningni olib chiqib ketamiz. Seni yerliklar unutishlari lozim. Jisming mahv etilmasa, Zurruda joning orom topmaydi. Sen uchun boshqa yoʻl yoʻq. Bobong ham shu fikrda.
— Bobom? Qaysi bobom?
— Hozir koʻrasan, nurga qadam qoʻy.

Anvar beixtiyor ravishda deraza tomon qadam qoʻydi. Koʻkragidan bir nima uzib olinganday boʻldi. Nur uning ruhini koʻz ilgʻamas yulduz — Zurru sayyorasi tomon olib uchdi. Mehmonxonada uning faqat toshqotgan gavdasigina qolgan edi. Goʻyo haykalga aylanganini oʻzi bilmaydi. Bir qancha vaqt oʻtgach, xotini uygʻonib, undan xavotirlanib, xabar olgani chiqadi-yu, bu manzaradan dahshatga tushadi. Bu haqda keyin soʻzlaymiz. Hozir Anvarning ruhi izidan borishning ayni payti.

Bu safar Anvarning koʻz oʻngida butunlay oʻzga manzara paydo boʻldi: choʻqqilaridan qor arimagan togʻ. Togʻning naq kindigini yorib chiqqan sharshara. Uning yonida toʻrt odamning qulochi yetmaydigan chinor. Daraxtning baxaybat shoxlari ostida yogʻoch soʻri. Soʻrida Anvardan bir-ikki yosh kattarok yigit kitob oʻqib oʻtiribdi. Anvar uni qaerdadir koʻrganday edi — kimgadir oʻxshatdi. Keyinroq, ruhi uyiga qaytgach, bir sirni aniqlaydi — u oʻziga oʻxshardi. Bu haqda ham soʻngroq soʻz yuritamiz. Hozir esa... Anvar salom berdi. Moʻylovli yigit boshini koʻtardi:
— Keldingmi, bolam? — dedi u. Anvar ajablandi: «Qanaqasiga men unga bola boʻlay?» Moʻylovli yigit uning fikrini oʻqiganday jilmaydi. — Sen mening nabiramdaysan. Amir meni osmay, men bu yerga kelib qolmaganimda, balki sen mening nabiram boʻlarding. Shoakbar Zunnuniy degan odamni eshitganmisan?

Anvar unga yaxshiroq tikildi, shunday jadidni eshitgan edi. Buxoro amiri dorga torttirgan ziyo ahli orasida Shoakbar Zunnuniy ismli zotning buyuk salohiyat egasi boʻlgani haqida tarix kitoblarida bir qancha satrgina bor. Zunnuniydan na bir meros, na bir satr asar qolgan. U haqdagi xotiralar ham uzuq-yuluq edi. Anvar qisqa satrlar orasida ulugʻ sinoat yashiringan boʻlishi mumkinligini oʻylab koʻrmagan ekan. Agar hozir oʻzini Shoakbar Zunnuniy deb tanitgan moʻylovli yigit «men haqimda nimalar bilasan?» deb soʻrab qolsa Anvar javob bera olmay izza chekardi. Baxtiga, bunday savol berilmadi. Zunnuniy gapini davom ettirdi:
— Hadicha buvingning koʻz ochib koʻrgan eri menman. Biz uch farzand koʻrdik, ammo ular peshonamizga sigʻmadi. Men osilganimdan soʻng buving bobong Jamoliddinga tegdi. Sen xafa boʻlma, toʻgʻrisini aytishga majburman. Jamoliddin menga hamsoya edi. Hatto hamfikr edi. Biz Vatanni oʻrus podshosi zulmidan ozod etmoq yoʻliga jon tikkan edik. Buxoro tasarrufidagi yerlarda fuqaroga ziyo bermak istagida yurgan onlarimizda hibsga olindik. Faqat Jamoliddin tirik qoldi. Anglayapsanmi?..

Anvarning qulogʻiga yoqimli ovoz keldi:
— Bu gaplarga ishon. Bularning barchasiga biz guvohmiz. Bobong xoinlik qilib imonini sotgach, shoʻrolar xizmatiga oʻtdi. Buvingga uylandi. Zunnuniydan qolgan qoʻlyozmalarni buzgan holda tahrir etib, shoʻrolar maqsadiga moslab nashr ettirdi, shu yoʻl bilan shuhrat topdi. Oqibatda soxta shuhrati oʻz boshini yedi. Oʻttiz yettinchi yilda shoʻrolar uning sadoqatli xizmati uchun hibsga olib, tumanli yurtga yubordilar. Sovuqda ochlik azobiga chidolmay xor boʻlib oʻldi. Onangda uning xatlari saqlangan. Ishonmasang, oʻqib koʻr.
— Sen bobong bilan faxrlanib yurarding, — dedi Zunnuniy. — Menda bu hisni oʻldirish niyati yoʻq. Jamoliddin qizilga xizmat qilishning ulugʻ xato ekanini anglab, bu safar vijdoniga xiyonat etmadi. Birodarlarini sotmadi. Men undan rozi boʻlganman. Sen ham uni la’natlama. Inson umri xatolardan iborat. Munofiqlik hech zamon jazosiz qolmaydi. Hozir tili boshqa, dili boshqalar davrasida aziyat chekyapsan. Sen tushkunlikka berilma. Xalq fidoyisi niqobida yashovchilar hayotlarini azobda yakunlaydilar. Oqibatda niqoblar yirtilgusi, ularning asl qiyofalari koʻringusidir. Xalqni hech bir zamonda hech bir munofiq alday olmagan. Dunyo soxta fidoyilarni koʻp koʻrgan, bundaylar hali yana koʻp chiqadi. Yer yuzidagi kurash sira barham topmaydi.
— Men nima qilay, nochorman-ku? — dedi Anvar.
— Nochorsan, bilaman. Sen mening yonimga kelasan. Ungacha bir ish qilasan: katta togʻangning chordogʻida, eski-tuskilar orasida koʻhna kitoblar, qogʻozlar ham bor. Qogʻozlar — mening qoʻlyozmalarim. Bobong ham, buving ham ularni saqlashgan. Kitoblar orasida oʻrus askarlarining Toshkentdagi janglari tasvirlangan asar bor. Jamoliddin ularni nashr etishga qoʻrqqan. Uni sen xalqqa yetkaz. Men senga oq fotiha beraman. Ishlaring oʻngidan keladi. Mana bu kitobni ol, senga yoʻldosh boʻlsin.

Zunnuniy oʻqib oʻtirgan katta kitobni Anvarga uzatdi. Kitob Anvarning qoʻliga oʻtishi bilan bir yorugʻlik taratdiyu kichrayib, kaftday boʻlib qoldi. Shunda Anvar yana yoqimli ovozni eshitdi:
— Biz seni xoli qoʻyamiz. Biz bilan uchrashishni xohlab qolsang — koʻrishamiz.

Anvar gapga ogʻiz juftlashga ham ulgurmadi.
— Jonim bolam, jon bolam, meni qoʻrqitmagin, Anvarjon.

Anvar onasining ovozi qaerdan kelganini daf’atan anglamadi. Hushi oʻziga kelgach, yuzlarini silayotgan onasini koʻrdi-yu avvaliga ajablandi. Yonida turgan Xonzodani koʻrib, nima voqea yuz berganini tushundi.
— Oyijon, qoʻrqmang, xayolga berilibman, — dedi vaziyatni yumshatish uchun.
— Voy, bolam-ey, xayoling ham bor boʻlsin-a, kimlar bilan gaplashding? — dedi Risolat kampir, oʻgʻlini quchogʻidan boʻshatmay.
— Nima dedim?
— Gaplaringga tushunib boʻlmaydi, bir narsalar deb gʻoʻldirading-a, bolam. Seni bir oʻqib yuborish kerak. Insu jinslar tinchlik bermayotganga oʻxshaydi.
— Oyi, oʻtirib olinglar, — dedi Xonzoda, siniq ovoz bilan.

Ona-bola divanga yonma-yon oʻtirishdi. Risolat kampir, oʻgʻlining yuzini silab, yelkalarini uqalagan boʻldi.
— Oyi, Shoakbar Zunnuniy degan odamni eshitganmisiz? — deb soʻradi Anvar, onasining qoʻllarini ushlab.
— Zunnuniymi? Adam rahmatlining shunaqa oʻrtoqlari boʻlgan ekan. Oʻlib ketgan boʻlsa ham adam rahmatlining boshlariga balo yogʻdirdi. Xalq dushmani boʻlgan ekan-da, boyaqish.
— Buvim Zunnuniyni gapirarmidilar?
— Ha, endi gapirgan boʻlsalar gapirgandirlar, esimda turibdi, deysanmi?
— Buvimning birinchi erlari Zunnuniymidi?
— Voy, xudoyim, san buni qayoqdanam bila qolding? Sanga aytuvdimmi?

Anvar koʻrgan-eshitganlarini aytsa onasining esi ogʻib qolishi mumkinligini bilib, «bolaligimda aytuvdingiz, shu esimga tushib qoldi», dedi. Risolat kampir oʻgʻlining kosasidan chiqquday boʻlib katta-katta ochilib turgan koʻzlarini koʻrmaydi. Ammo Anvarning badanida soʻnib ulgurmagan yengil titroqdan ahvolini yaxshi bilib oʻtirardi.

Xonzoda esa erining koʻzlaridan nigohini uzmay qoʻrquvdan titraydi, xayolida bir fikr charx uradi — «hali yaxshi tuzalmagan ekanlar».
— Oyi, buvamni qamab, qaysi tomonga olib ketishgan?
— Aytganman-ku, Tuman degan joyga. Oftobning koʻrinishidan koʻrinmasligi koʻp, Xudoning qargʻishi tekkan joylar ekan.
— Ha... Tyumenmi?.. Xat yozarmidilar, xatlari bormi?
— Bor.
— Nima uchun menga koʻrsatmagansiz?
— Senga kerakmidi? Man qayoqdan bilay, oʻzing soʻramagan boʻlsang...
— Oyi, damingizni oling. Menam ozgina uxlay.
— Ha, shunaqa qilgin, bolajonim. Xonzodaxon, bolam, siz Robiyaxonga aytib qoʻying, Sobitxon manga bir koʻrinish bersin.
— Oyi, kerakmas, — dedi Anvar, onasining muddaosini fahmlab.
— San jimgina oʻtiravur. Mani ishimga aralashma. Nima qilishni oʻzim bilaman. Oʻjarlik qilmay, nafasi oʻtkir domlaga oʻqitvorganimda shuncha vaqt bannisada yotmasiding. Shu zamonning doʻxtirlariga ishonib boʻlarkanmi, hammasi poraga oʻqigan. Qarab tur, otday boʻlib ketmasang, nima desang de.

Risolat kampir oʻrnidan turdi-da, oʻng qoʻlini oldinga choʻzib eshik tomon yurdi.

Xonzoda qaynonasini kuzatib kelganida Anvar joyidan jilmay oʻtirgan edi. Xonzoda erining yonidan joy olib, yelkasidan asta quchdi.
— Qoʻrqib ketdingizmi? — dedi Anvar. Xonzoda javob bermay yelkasiga yuzini qoʻydi. — Qoʻrqmang, bu kasallik emas. Men ham avvaliga ruhim shikastlanibdi, deb qoʻrquvdim. Nima boʻlganini bildingizmi?
— Deraza oldida qotib turaverdingiz. Chaqirsam ham eshitmadingiz. Keyin... qoʻrqib... oyimni chaqirib keldim. Oyim kelganlarida qoʻlingizdan olov chiqib ketganday boʻldi. Yaxshiyam oyim koʻrmadilar. Boʻlmasa yuraklari yorilib ketardi.

Anvar xotinini quchib, erkalagan boʻldi:
— Siz sira qoʻrqmang. Men jinni emasman. Nima boʻlganini sizga keyin aytaman. Hozir aytganim bilan, ishonmaysiz. Tong otsa togʻamnikiga borib kelaman. Agar rost boʻlsa...
— Nimani aytyapsiz?
— Keyin...

X bob

1

Asabdek bir tush koʻrdi: oʻzi mozorda turgan emish. Oʻrkach-oʻrkach qabrlar oq tuyalarga aylanib, karvon boʻlib tizilib ketayotganmish. Oq tuyalar koʻzida yosh bor emish, tuyalar qabristonni tark etgach, boʻron turganmish. Quyun doʻmpayib turgan qabrlarni xuddi qozon qopqogʻiday ochib, murdalarni sugʻurib olib, qiyomatni boshlab yuborganmish. Murdalar toʻzigan xazon singari Asadbek atrofida charx urarmish...
— Adasi... Adasi...

Shu yerga kelganda Manzura uni yelkasidan asta silkib uygʻotdi.
— Voy, yomon tush koʻrdingiz-a, astagʻfirulloh deng.

Asadbek xotinining gapini ikki qilmay, ichida tavba dedi. Manzura uning peshonasidagi terni kafti bilan artdi. Asadbek qoʻrqinchli tushlarni koʻp koʻrardi — dam uni boʻgʻizlashardi, dam osishardi... Ba’zan bosinqirab, dod deb oʻygʻonardi, dam qoʻrquvdan terlab, tipirchilab qolganida xotini uygʻotardi. Bugungi tushi, avvalgilariga solishtirilganda, uncha dahshatli emas. Oq tuyalar tizilib ketishdi. Qabriston junbushga keldi... Asadbek koʻrgan tushini xotiniga aytdi.
— Voy oʻlmasam, — dedi Manzura, pastki labini tishlab, — tuyalar chiqib ketishdimi?
— Chiqib ketdi. Ha, yomonmi? — dedi Asadbek soddalik bilan.

Manzura eri uchun ta’birchi boʻlib qolgan edi. Tush yoʻyish unga ona meros. Farishtaday oq koʻngil bu ayolga qoʻshnilar oʻz sirlarini ishonishardi. Manzura kichkinaligida onasi yonida oʻtirib, koʻp tushlarning ta’birini bilib olgan. Yangi turmush qurgan kezlari, bir kuni Asadbek yarim kechada uyiga qaytsa, chiroq yoniq, eshik ochiq, xotini uy ichida oʻrtaga joynamoz solib ustida mudrab oʻtiribdi. Asadbek «Yarim kechada ham namoz oʻqiydimi», deb hayron boʻldi-yu, xotiniga bu haqda gapirmadi. Bu hol yana uch-toʻrt takrorlangach, soʻradi. Manzura sababini qoʻrqa-pisa aytdi: qimorbozlar xotinlarini ham tikib, yutqizib qoʻyishsayu da’vogar kirganida xotin joynamoz ustida oʻtirgan boʻlsa tegmas ekanlar... Oʻshandan beri Asadbek «uncha-bunchaga aqli yetar ekan», deb irim-sirimga oid masalalarda uni gapga tutib turadigan boʻldi. Birinchi marta bosinqirab uygʻonganida Manzuraning qistovi bilan koʻrgan tushini aytdi. «Ilonlar ichida qolgan boʻlsangiz, boyib ketar ekanmiz», dedi Manzura. Asadbek bu gapga ishonmagan edi. Bir haftadan soʻng qoʻliga katta pul tushgach, xotiniga tan berdi. Shu-shu gʻalatiroq tush koʻrsa, darrov xotiniga ma’lum qiladi.
— Ha, yomonmi? — deb qayta soʻradi Asadbek, xotinining jim qolganidan ajablanib.
— Yomonmas-ku... mozorimizdan avliyolar ketib qolishibdi. Odamlardan iymon koʻtarilganigamikin...
— He... tentak, shumi topgan gaping. Nima ekan, debman.

Asadbek shunday deb yonboshiga oʻgirildi. Manzura oʻyga tolib, anchagina qimirlamay oʻtirdi. Tong nafasi kelib qolgani uchun qayta yotmay, oʻrnidan turib ketdi.

Asadbek oʻziga tegishli gap boʻlganida, aytaylik, «dushmanlaringiz bosh koʻtarar ekan, sizdan avliyolar yuz oʻgiribdi», deyilganda boshqacha holatga tushardi, yonboshiga oʻgirilib yotavermasdi. Avliyolarning mozorni tashlab chiqib ketishlari unga ahamiyatsiz tuyuldi. Hatto ishonmadi ham. Bolaligida ajinalar haqida hikoya eshitib, tunlari ovloq koʻchalarda, mozor yaqinida yurishga qoʻrqardi. Keyinroq qoʻrquv degan narsa chekindi. Ajinalar ertaklardagi kabi yashirin holda ish olib borishni bas qilib, odamlar qiyofasiga kirib kuppa-kunduz kuni ochiq ish yuritishga oʻtgach, tunlar ham osoyishta boʻlib, ovloqlar ham dahshatli koʻrinishni yoʻqotdi. Endi kunduzdan, odamlardan qoʻrqqulik edi.

Asadbek tush ta’biriga ahamiyat bermay yonboshga oʻgirilib yotgani bilan uxlolmadi. Xotinidan soʻng u ham oʻrnidan turib, yuvindi. Asadbek hovlida koʻringani zahoti boloxonada ham jonlanish sezildi.

Manzuraning «Biz bilan choy ichmaysizmi?» degan gapiga qisqagina «ichaveringlar» deb darvozaxona tomon yurdi. Mashinaga yetib ulgurmay tepadan Jamshid tushib, salom berdi.
— Ha, shu yerdamiding? — dedi Asadbek, salomga alik olgach. Jamshid soʻqqabosh boʻlgani sababli qaerda tunash uning uchun ahamiyatsiz edi. Maishatga bormasa shu boloxonada soqchi yigitlar bilan qolaverar, Asadbek uning bu odatiga koʻnikkan edi. Jamshidning taqdiri oʻziga bir oz oʻxshab ketgani uchun Asadbek uni yaxshi koʻrar, ikki qanotiga qanday suyansa, bunga ham shunday ishonardi.

Jamshid oilada yolgʻiz oʻgʻil boʻlsa-da, erkalatish, taltaytish nimaligini bilmay oʻsdi. Otasining pul toʻla hamyoni huda-behudaga ochilavermas edi. Jamshid istamasa ham turli toʻgaraklarga borishga majbur edi. Hatto skripka chalishni oʻrgatish maqsadida bir cholgʻuchi yil davomida ter toʻkdi. U bechora «bolada qobiliyat yoʻq» deyolmaydi, chunki xizmat haqini olib turibdi. Jamshidning «oʻrganolmayapman» degan gapiga ota-ona ishonmaydi. Xullas, oʻsmirlik koʻchasiga kirgunicha haykaltaroshlik, radiotexnika singari sohalarda ham qobiliyati sinab koʻrildi. Maktabni bitirganida hamyon bir kavlandi. Oʻrtada turgan odam puldan koʻproq oʻmarib qolib, domlalarga kamroq yetib bordimi, harholda bir imtihonida qoqilib, kechki oʻqishga arang toʻgʻrilashdi. Bola bevosh boʻlib ketmasin, deb otasi uni oʻzi ishlaydigan idoraga yugurdak qilib joylashtirdi. Idorada charos koʻzlari oʻynab turuvchi bir qiz ham ishlardi. Unga qarab turib chigirtka bir yumalab shu qizga aylanib qolgan yo bu qiz bir yildan beri och oʻtiradi, deb oʻylash mumkin edi. Kunda oʻzgartiriluvchi sara koʻylaklar yogʻoch ilgichga ilib qoʻyilganga oʻxshardi. Ana shu ozgʻin badanda boʻliq koʻkrak qaydan paydo boʻlgani Yaratganga ham qorongʻu boʻlsa kerak. Xullas, shu qiz oʻzidan olti yoshgina kichik boʻlgan, pishiq gavdali, jingalik sochli, istarasi issiq Jamshidni yaxshi koʻrib qoldi! Ilmoqli gaplar, shirin jilmayishlar... aytaman desak, gap koʻp. Yaxshisi, voqea bayonini muxtasar etib, debochadan xotimaga oʻtib qoʻya qolaylik: yigit qizni qattiq sevib qolsa devonavash boʻlib yuraveradi, yoʻl poylaydi, dunyoni ohlarga toʻldiradi. Ammo qizning sevgisidan, ayniqsa unda makkorlik oʻti boʻlsa, qoʻrqqulik ekan. Bir kuni idorada ish tugab, hamma tarqagach, qiz «choy ichish» bahonasida Jamshidni olib qoldi. Eshik ichkaridan berkitildi. Lablar birlashdi. Asosiy ishga bir bahya qolganida Jamshidning miyasiga bir narsa urilganday fikri ravshanlashib, oʻzini tortdi. Tashabbusni boshlab bergan qiz sharmandaligini yashirish uchun yigʻladi, sevgi oʻtida qovurilib ketganini aytib nola qildi. Jamshid ketmoqchi boʻlganida «oʻzimni oʻldiraman», dedi. Jamshid bu gaplarga ishonmay «oʻldirsangiz oʻldiravering», dediyu, chiqdi-ketdi.

Kechasi oʻqishdan qaytsa, uyida milisalar oʻtirishibdi. Qizning zoʻrlanganini, qiz nomusga chidolmay oʻzini uchinchi qavatdan tashlaganini milisalardan eshitib, «hazillashyapsizlarmi?» dedi. Milisalarning hazillashmasligini bu goʻdak oʻshanda bilmas edi. Qoʻllarini qayirib olib ketdilar, onasi faryod urib qolaverdi.

Oʻrtaga nomus tikilgan edi. Bir tomon toʻrt yil burun poymol boʻlgan qizlik nomusi, ikkinchi tomon begʻubor yigitlik nomusi uchun olishishardi. Qizning homiy opajoni Jamshidning otasidan kuchlilik qildi. Uchinchi qavatdan yoʻgʻon taxtani tashlab yuborsangiz maydalanadi, ammo quruq suyakdan iborat bu qiz oʻzini yerga otibdi-yu, biron yeri sinmabdi-ya, deb ajablanish ortiqcha edi. Qizning suv quvuriga osilib pastroqqa tushib, keyin axlat uyumi ustiga oʻzini otganini kim isbotlab bera olardi? Jamshidning otasi yollagan oqlovchi «yuqoridan davleniya kuchli boʻvotti», deb olgan puliga yarasha ish qilmadi. Xullas, Jamshid besh yilgina sayr qilib keladigan boʻldi, qiz esa sharmanda emas, jabr chekkan ma’suma sifatida oʻzini oqlab oldi.

Jamshidning onasi xasta edi. Tabiblar «tugʻsang— oʻlasan» deyishiga qaramay, turmushga chiqqan, «oʻlsam ham tugʻib oʻlay», deb ularga quloq osmagan edi. Uning yuragi toʻlgʻoq azobiga chidadi-yu, ammo nomus azobiga chidamadi. Suddan soʻng Jamshid qoʻliga kishan urilib, derazasiz xunuk mashinaga chiqarilayotganda «Bolam!» deb bir oh urib, hushidan ketganicha oʻziga kelmadi.

Ikki yil konda ishlagach, aybsiz ekani birdaniga ayon boʻlib qolib uyiga qaytdi. U tuhmat azobidan aziyat chekmas edi. Qamoqda odamlarning gap-soʻzlarini eshitaverib dunyo oʻzi shunaqa ekan, degan xulosaga kelgandi. Jamshid onasining oʻlimidan ezilardi. Oʻqishni ham, ishni ham tashlab bir yil bekor yurdi. U otasining bir ish yuzasidan Mahmud Esonov — Chuvrindi bilan tanishib qolganini, Mahmud orqali Asadbekka arz etgani oqibatida «oqlanib» chiqqanini bilmas edi. Buni keyinroq Chuvrindi xizmatiga oʻtganidan keyin bildi. Otasi «oʻgʻlimning boshini ikki qilay», deb koʻp urindi, ammo Jamshid koʻnmadi. Oxiri otasining oʻzi uylanib, Jamshid toʻla ozodlikka chiqdi. Uning istagan yerlarda yotib yurishi shundan.

Jamshid mashinaga chaqqon oʻtirib, motorni oʻt oldirdi. Tepadagi yigitlardan biri darvozani ochdi-da, koʻchaga chiqib turdi.
— Akalaringga xabar qildingmi? — dedi Asadbek mashinaga oʻtirgach. — Deputatni chaqirishsin.

Jamshid motor qizishini kutmay, mashinani yurgizdi. Koʻchadagi yigit yonida toʻxtab, oynakni tushirdi-da, Bek akasining topshirigʻini aytdi.

Asadbek shahar markazidagi qarorgohiga yetib borgunicha Chuvrindi bilan Kesakpolvon ham yoʻlga chiqqan, barvaqt bezovta qilingan deputat Orzubek Boltaev esa shoshilganicha kiyinardi. Qarorgohning xilvat xonalarida tuni bilan davom etgan maishat tugagan, qizlar ham ketib ulgurishgan edi.

Boloxonadagi yigitlar qarorgohga ham xabar berganlari uchun Boʻtqa eshik oldida qoʻl qovushtirib turardi.

Asadbek ichkari kirib bir piyoladan qaynoq qahva ichgunicha qanotlari yetib kelishdi. Tonggi yoki tungi yoʻqlovlar ularni ajablantirmas, shu sababli «nima gap, tinchlikmi?» degan soʻroq ular uchun ortiqcha edi. Asadbek ulardan hech mahal hol-ahvol soʻramasdi. Ikki oyoqda yuribsanmi — bas, ahvoling yaxshi, derdi. Shuning barobarida birovning hol soʻrashini ham yoqtirmas edi. Tobi qochib qolgan kezlari uning odatini bilmagan odam: «Tuzukmisiz?» deb soʻrasa, «Ha, oʻlishim kerakmidi?» degan shirin javobni eshitardi.

Ular ana shunday ortiqcha manziratsiz yashashga oʻrganishgan, bugungi uchrashuv avvalgilaridan farq etmas edi. A’yonlar bekning soʻz boshlashini kutib oʻtirishdi.
— Haydar, Shilimshiq keldimi? — dedi Asadbek, Kesakpolvonga qarab.
— Ha, keldi, oʻzida yoʻq xursand. Moshina toʻgʻrilab berdim. Taksichilik qilib yura tursin.
— Otarchiga qanday ma’lum qilasan?
— Bu yogʻi pishgan, — Kesakpolvon shunday deb pinjagining ich choʻntagidan toʻrtta fotosurat chiqarib, Asadbekka uzatdi. Suratda Shilimshiqning Noila bilan aysh-ishrati aks etgan edi.
— Xuddi oʻziday qilib ishlagan, qalbakiligini ikki dunyoda ham sezmaydi, — dedi Kesakpolvon, Asadbekning tikilib qolganini koʻrib.
— Sezib qolsa-chi?
— Unda guvoh topamiz.
— Ishing xom. Mahmud, puxtaroq oʻylab qoʻylaring.

Shu payt eshik ochilib, Boʻtqa koʻrindi-da, deputat kelganini ma’lum qildi. Noilaning qotilini Elchinga qanday topshirish xususida yana bir oz kengashib olingach, deputatning kirishiga ruxsat berildi.

Deputat uzun boʻyli, badqovoq, ellik yoshlardagi kishi edi. Uni koʻrgan odam qovoqlarni koʻtarib, inson kepatasida saqlab turuvchi ustunchalar tushib ketganu shu xunuk koʻrinishga kelib qolgan, deb oʻylashi mumkin edi. Garchi asl ismi Orzubek boʻlsa-da, Asadbeklarning davrasida oddiygina qilib «deputat» deb yuritilardi. Shu ham tuzuk, chunki uning husnini qoʻyaturaylik, sovuqqina toʻngʻillab gapirishini eshitgan kimsa «Orzuga ham qasam ichirvoribdi, dayusning bolasi», deyishi tabiiy. Deputat — Mahmudning topildigʻi. Xaloyiq bir-ikki toʻlgʻonib, namoyishga chiqqanida uni oldingi safda koʻrib mehri tushib qolgan edi. Mahmud deputatni soʻzdan qaytmas, mard, oqil odam sifatida qabul qilib, unga xolisanillo yordam bermoqchi edi. Asadbek u bilan dastlab koʻrishganidayoq «bu qorongʻu basharada aql koʻrinmayapti-ku?» dedi. Keyin suhbatlasha turib til bilan dil oʻrtasida ancha farq borligini fahmlab, yordam berishga koʻndi. Zamon chayqalib turgan paytda shunaqa odamlar ham kerak, deb oʻyladi.

Ishga Asadbek aralashganidan soʻng boʻlajak deputatning muxoliflari oʻz-oʻzidan chetga chiqib, Orzubek saylov chigʻirigʻidan bitta ham tuki toʻkilmay oʻtdi. Deputat Asadbeklar uchun tirik tovon edi. Asadbek koʻpincha uni «boqib olgan yetim toylogʻim» deb mazax qilardi. Chunki xalq deb jon kuydirib yurgan bu odamning egilib ishlashga toqati yoʻq, oʻzini, bolalarini, hatto oʻzidan toʻrt yosh katta yahudiy xotinining oldingi eridan orttirgan ikki oʻgʻlini, keti uzilmaydigan mehmonlarini shular boqishi lozim edi. Xorij safariga chiqsa, sovgʻa-salomlar ham Asadbeklar boʻynida. Unga sarflanayotgan pul Asadbek uchun arzimas boʻlsa-da, keyingi paytda malol kelib, gʻashlana boshlagan edi. Deputat oʻzining qudratli odam ekaniga ishona borib, Asadbeklarni mayda kissavurlar oʻrnida koʻrayotganday edi. Asadbek bu badqovoqning koʻzlarini moshday ochib qoʻyay, deb yurganida Elchin kelib qoldi. Qani, xalqim deb koʻkrakka urayotgan bu zot nohaq aziyat chekib kelgan shu xalq bolasiga qayisharmikan?

Badqovoq deputat kirib gʻoʻdrandi. Nima deganini eng ziyrak quloq ham ajratib berolmasa-da, salom berganini taxmin qilish mumkin edi. Oʻtirganlar bunday salomlashishga oʻrganib qolishgani uchun bosh irgʻab alik olishdi. Deputat Asadbek roʻparasidagi boʻsh oʻrindiqqa oʻtirdi.
— Ahvollar qalay? — dedi Asadbek.
— Yaxshi. Dunyoning ayrim mamlakatlarida...
— Dunyoni qoʻying. Televizorni biz ham koʻrib yotibmiz. Uydan gapiring. Bola-chaqa omonmi? Juhud xotiningiz musulmon boʻlayotgan emishmi?
— Ha, muslima boʻladi, namoz oʻqiyapti.
— Aqlli odamsiz-da! Devor boʻlmasa koʻchani ham koʻraversangiz kerak? — Asadbekning pichingi javobsiz qoldi. — Qizingiz ham namozxondir?
— Endi oʻrganyapti.

Asadbek oʻzaro suhbatlarda oilani sira eslamasdi. Shu sababli Orzubek koʻnglida xavotir uygʻondi.
— Qizingizning boʻyi yetib qolibdi, deb eshitdim. Yigirmaga kirganmi?
— Oʻn toʻqqizda.
— Ayni turmush quradigan payti ekan. Siz xalqparvar odamsiz. Xalqning aziyat chekkan bir bolasi bor, shuni kuyov qiling, qizingizga mana biz sovchimiz.
— Qizim yosh, oʻqiydi, uzatish niyatimiz yoʻq.
— Birodar, Bek akangiz soʻrayaptilar, a? — dedi Kesakpolvon, «Bek akangiz» degan soʻzga urgʻu berib. Uchtagina soʻzdan olam jahon ma’no uqish mumkin edi: «Bek akangiz uncha-buncha odamning orasiga tushmaydilar. Qizim baxtli boʻlsin, desang ra’yini qaytarma», yoinki «Senga shunchalik yaxshilik qilgan odamga ters gapirib pushaymon yema», yoinki «Yaxshilik bilan bermasang, qizing qoʻlma-qoʻl boʻlib ketishi ham mumkin, a?!» Orzubek Kesakpolvonning soʻzlaridan uchinchi ma’noni uqib, joni xalqumiga kelib qolganday boʻldi. Hamisha qovogʻini uyub yurgani uchun vujudida uygʻongan gʻazab oʻtining alangasi yuzlarida sezilmadi. Boshqa odamlarday qizarmadi, boʻgʻriqmadi, lablari uchmadi. Sirtga chiqish huquqidan mahrum alanga uni ichdan kemirardi. Bu haromxoʻrlarga (haromxoʻrlarga hamtovoq ekani xayoliga kelmadi) duch kelgan kunini la’natlaydi (ulardan koʻrayotgan foydasini hisobga olmaydi). Ertaga katta amallar shohsupasiga koʻtarilishi mumkin boʻlgan odamga (kimning zoʻri bilan koʻtarilar ekan?) bu xilda bezbetlarcha (!) muomala qilishlaridan bir gʻazablansa, oʻzining bu olchoqlar (!) oldida nochor oʻtirishidan oʻn gʻazablandi. Majlisda otashin nutqlar irod etuvchi, hatto zoʻr notiqlarni ham sarosimaga solib qoʻyuvchi xalq fidoyisi qay- da-yu, uchta muttaham (!)ga gapini aytolmay mum tishlab oʻtiruvchi nochor odam qayda! Nimadir deyishi kerak edi, qurbaqani bossang vaq deydi, harholda u qurbaqadan ming chandon ulugʻroq bir odam, vaqillaganda ham tuzukroq vaqillashi kerak.
— Bek aka, umr savdosiga bunaqangi aralashish yaramaydi. Biz huquqiy jamiyat tuzmoqchimiz. Mana, oʻzingizning qizingiz bor...

Orzubek «qizingiz taqdiriga birov xoʻjayinlik qilishi yaxshimi?» demoqchi edi. Ammo «berdi»sini aytib ulgurmadi. «Qizingiz bor...» degan gapni Asadbek «oʻsha odamga oʻz qizingizni bering», deb tushunib gʻazab bilan oʻshqirdi:
— Menga qara, oʻ, soʻtak! Sen bu yerda masala soʻqima. Uyingga borib juhud xotining bilan maslahatlash. Juhud xotinlar aqlli boʻlishadi. Ertaga ertalab yo ha, deysan, yo yoʻq, deysan! Bor, joʻna, turqingni koʻrsatma!

Asadbek achchiqlangan mahalda Chuvrindi oraga tushib vaziyatni yumshatishga urinardi. Hozir bunga ehtiyoj sezmadi. Asadbekning qizini tilga olib kechirilmas xato qilgan deputat shusiz ham oson qutulayotgan edi. Ellikni qoralayotgan odam yosh bola holiga tushib, indamay chiqib ketdi.
— Voy, xunasa-e, — dedi Kesakpolvon, deputat chiqib ketgach.
— Oʻchir, — dedi Asadbek. — Oʻzing ja taltaytirib yubording. Oʻzbek xotinini qoʻyib, juhudga uylangan odamdan yaxshilik chiqarmidi? Doshqozonda suv qaynatib oʻshanga tashlash kerak buni.

Eshik ochilib, yana Boʻtqaning basharasi koʻrindi.
— Bek aka, amakingiz mozorda yurganmishlar.
— Qaysi mozorda, kim chiqarib yuboribdi?
— Kattalar koʻmiladigan yerda emish. Kim chiqarganini bilmadim, — Boʻtqa shunday deb iziga qaytib, eshikni yopdi.

Asadbek savol nazari bilan Chuvrindiga qaradi. Mahmud uning maqsadini anglab, telefon goʻshagini koʻtarib, raqam terdi. Javob boʻlgach, salom-aliksiz soʻroqqa tutdi:
— Zinatulinni nimaga chiqardingiz?

Javobga bir oz quloq tutib, goʻshakni joyiga qoʻydi.
— Qizi kelib bir kunga ruxsat olgan ekan. Otarchi sizning nomingizdan borib, oshnasini chiqartiribdi.
— Kim ekan, oshnasi, aniqla. — Asadbek shunday deb oʻrnidan turdi. A’yonlar unga ergashishdi. Zinatulinni ular Asadbekning «oʻgay amakisi» sifatida bilishardi. Jinnixonaning uchinchi qavatida saqlanuvchi oʻgay amakisidan Asadbek tez-tez xabar olib turardi. Bu odam haqida hech kim hech narsa bilmas edi. Qirq toʻqqizinchi yilning oʻttiz birinchi dekabrida uylariga bostirib kirgan, sandiqni titgan, tancha ustiga oʻtirganicha papiros tutatgan, «sening otang ham dushman», degan novchaning Zinatullin ekanini Asadbek ulgʻaygach aniqladi. Otasini olib ketganlar faqat ijrochilar ekani, toʻgʻon boshidagilar esa boshqalar ekani uni qiziqtirmas edi. Biri novcha, biri past boʻyli ikki odam suvrati koʻz oldiga muhrlanib qolgan, yotsa ham, tursa ham ulardan oʻch olishni oʻylardi. Kesakpolvon bilan birga boʻlib, sal qaddini tutib olgach, topganini sarf qilsa-da, oʻsha ikki kishini aniqladi. Past boʻylini izlab koʻp shaharlarda boʻldi. Nihoyat topdi. Ammo oʻshanda bir xomlik qildi. Kesakpolvonning gapiga kirib, oʻsha yerlik oʻgʻriboshlardan biriga maslahat soldi.
— U chindan ham iflos odam, — dedi oʻgʻriboshi. — Millatimizga isnod keltirgan. Lekin biz millatimiz vakilini xafa qildirib qoʻymaymiz.

Chindan ham xafa qildirishmadi. Avaylab asrashdi. Oʻshandan keyin Asadbek yana ikki marta bordi. Oʻljaga yaqinlashaman, deganida oʻgʻriboshining yigitlariga duch kelaverdi. Shundan soʻng yetti yil kutdi. Oʻgʻriboshi qoʻlga olinganini bilib uchinchi marta bordi. Toʻy ustidan chiqdi. Ikki qavatli uy, hovli gavjum edi. Oʻljasi, tepakal, dumaloqdan kelgan odam Asadbekni tanimasdi. «Oʻ, Oʻzbekiston mening yurtim, u yerda qadrdonlarim koʻp!» deb quvonib kutib oldi. Toʻy qizigan paytda u mehmonlarning muhim gapini eshitish uchun xonasiga boshladi. Hovlida xushchaqchaqlik avjida, bagʻoyat shinam bezatilgan bu xonada esa 1950 yil birinchi yanvardagi hukm ijro etilardi. Asadbek bunday qulay fursat boshqa nasib etmasligini bilib shoshilardi. U qamoqqa tushganlar qanday azoblarga giriftor qilinganlarini eshitgan, hisob-kitob chogʻida bu qiynoqlarni qoʻllashni niyat qilgan edi. Vaqt ziqligidan afsuslandi, ammo armonda qaytmadi: sigaret choʻgʻini peshonasiga bosib turib qirq toʻqqizinchi yil oʻttiz birinchi dekabrdagi voqeani aytdi, yotqizib qoʻyib tumrugʻini oyogʻi bilan ezdi... Mahbuslar azobga chidolmay baqirardilar, bu esa ogʻziga latta tiqilgani uchun, bundan mahrum edi. Uni oyogʻidan osib, bilak tomirlarini qirqib tashladilar.

Toʻy egasining yoʻqolgani ma’lum boʻlib, qidir-qidir boshlanganida Asadbek kira qilgan mashina Yerevandan chiqib, Boku sari uchib borardi. Nodon, goʻl oʻzbeklarni katta pulga tushirganidan xursand boʻlgan haydovchi esa oʻzicha xirgoyi qilardi.

Asadbek Zinatulinni ham oʻsha kezlarda topgan boʻlsa-da, unga oʻlimni ravo koʻrmadi. «Oʻgay amakim», deb unga «mehribonlik» qildi. Zinatulin dorga emas, jinnixonaga mahkum edi. Shubhasiz, u oʻzining «mehribon oʻgay jiyani» borligidan bexabar edi. Jamiyatga sidqidildan xizmat qilganman, deb bayram kunlari nishonlari taqilgan qora kostyumini kiyib, tantanali majlislarda viqor toʻkib oʻtiruvchi, yosh avlodga qarata otashin nutqlar soʻzlovchi bu odam oʻzini dastlab jinnixonada koʻrganida gʻoyat ajablandi. «Bolalarim bemehr chiqdi, oqibatda qariyalar uyiga topshirishadi», deb oʻylardi. Hali kuch-quvvatdan ketmay turib jinnixonaga olib ketishlari sababini bilmay aqldan oza boshladi. Uchinchi qavatga «koʻtarilish» uchun koʻp fursat talab etilmadi.

Asadbekning oʻsha «oʻgay amakisi» endi jinnixonadan chiqib, mozorda yurganmish. Bu Asadbek uchun kutilmagan hol edi. Shu sababli mozorga shoshildi.

2

Oynakchi dovul turib shahardagi barcha deraza oynaklarining sinishini orzu qilib yasharkan. Goʻrkov oʻlim koʻp boʻlishini istamasa ham, mozorga odam kirib kelsa koʻngli quvonadi. Chunki odam mozorga bekorga kelmaydi. Yo mayit uchun qabr qazishni iltimos qiladi, yo marhumlar ruhiga Qur’on oʻqitib, toʻrt-besh soʻm tashlab ketadi.

Issiq hujrada xudoyi oshni yeb, choyxoʻrlik qilib oʻtirgan goʻrkovlar izma-iz kelib toʻxtagan ikki «Jiguli»ni koʻrib, tashqariga umid bilan qarashdi. Anchadan beri shu atrofda ivirsib yurgan boshyalang yigit birinchi mashinadan tushgan uch odamga bir nima degach, ular hujra tomonga qarab ham qoʻymay, kattalar koʻmilgan, haykalchalar tizilib turgan tomonga qarab yurishdi. Goʻrkovlarning kattasi «bular tekshiruvchilarmasmikin» degan xavotirda eshikni ochib, tashqariga qadam qoʻyishi bilan ikkinchi mashinadan tushgan yigit «Amaki, joyingizda oʻtiravering», deb qaytardi.

Kechasi yoqqan qor haykalchalarning boshi, burni, yelkasiga qoʻnib, odam shaklini beoʻxshov bir tusga kiritgan edi. Qargʻalarning qagʻillashidan boʻlak ovoz eshitilmayotgan qabristonda birdan kulgi yangradi. Asadbek shoshib oʻsha tomon yurdi. Ayollarning kalta paltosini kiyib olgan novcha odam bir haykalcha roʻparasida turib olib, nuqul kulardi. U Asadbek kelayotgan yoʻlga orqa qilib turgani uchun ularni koʻrmadi. Asadbek toʻxtab, uni kuzatdi. Zinatulin kulgidan toʻxtadi. Haykalchaning burnidagi qorni kafti bilan sidirdi.
— Ana, endi odam boʻlding. Tanimaydi, deb oʻylovdingmi? Nimaga qaltirayapsan? Sovuqmi? Ha... qoʻrqyapsanmi? Sen qoʻrqyapsanmi? Sen qoʻrqma. Qozonning qopqogʻini yopib tashlaganman, isi chiqmaydi. Dushmanlarning oʻligi kislotada kuydirilgan. Ha, qoʻrqma. — U shunday deb haykalcha roʻparasidagi qabrtosh ustiga oʻtirdi-da, oyogʻini chalishtirib oldi. Tirsagini tizzasi ustiga qoʻyib, qaddini sal bukib, jagʻini kaftiga suyadi. Oʻyga tolgan mutafakkir misol ancha oʻtirdi. Soʻng sapchib turdi. Atrofga alangladi-da, qoʻlini paxsa qilib, jahl bilan gapira ketdi:
— Sen parazit, oppoqman, deyapsanmi? Men seni qiynadimmi? Tumrugʻingga kalish bilan urdimmi? Boshingga qaynoq suv tomizdimmi? Shisha siniqlari solingan etik kiygizib sakratdimmi? Muzxonaga tashlatdimmi? Ha-a... sen bularni koʻrganing yoʻq? Oʻrtoqlaringni oʻzing sotding. Nimaga sotding? Vatan uchun qaygʻurdingmi? Mana senga Vatan! — u shunday deb bosh barmogʻini ikki barmogʻi orasiga suqib, haykalchaning burniga taqadi. — Koʻrdingmi?! Men ahmoqmanmi? Doʻstini sotgan odamda Vatan tuygʻusi boʻlarkanmi? Ha-a... gapga usta eding. Sen jim tur, parazit, — Zinatulin shunday deb yonboshdagi haykalchaga qarab oldi. — Hiloliy gruppasiga men hukm chiqarganim yoʻq, men ottirganim yoʻq. Senlar ottirdilaring! Chunki ular senlardan zoʻrroq olimlar edi. Senlar shu haykalga erishdilaring. Odam tugul it ham kelmaydi senlarni koʻrgani. Hiloliyni odamlar tildan qoʻymaydi. Ha, bolalaring kelmayaptimi? Toʻgʻri qilishadi. Sen oʻzing vaqtida oʻlib qolding. Hech kim basharangga tupurmadi. Bolalaring isnoddan bosh koʻtarolmay yurishibdi. Nima? Oʻshanda bola-chaqani oʻylamabmiding? Oxiri shunaqa boʻlishini bilmagansan. Men ham bilmaganman, toʻgʻri, — Zinatulin yana boyagi holatda oʻtirib oldi.

A’yonlar «bu jinni nimalarni valdirayapti», deb hayron turishardi. Zinatulinning gaplari Asadbek uchun ham gʻalati tuyulayotgan edi. Jinni desa, gaplari binoyiga oʻxshaydi. Sogʻ desa, harakatlari bema’ni.

Zinatulinga qarab turib, Asadbekning yuragi uvishdi. Onasini esladi. Aniq yodida — ellik uchinchi yilning erta bahori edi. Shiringina gapirib yurgan Samandar shamollab, yoʻtalib yurdi. Isitmaladi. Dori-darmonlar hadeganda em boʻlavermadi. Tanchaning bir tomonida Asad, yana bir tomonida esa onasi Samandar bilan yotishardi. Onasi kenjatoyini koʻrpaga oʻrab, oʻzi tirsagiga tayanib tunlarni bedor oʻtkazar edi. Asad «oyi, birpas uxlang, men qarab oʻtiraman», desa ham unamasdi. Asad yarim kechada uygʻonardi-da, qora charm xaltani koʻtarib non doʻkonga chiqib ketardi. Oʻsha kuni ham shunday boʻlgan edi. Samandar tunda bezovtalandi. Onasi uning yuzini silab xomush oʻtiraverdi. Samandar nimalardir dedi. Asadbek uning bir gapini ilgʻab oldi:
— ...Samaloʻt, qanotiyni pastlab oʻt...

Ukasining shirin tilchalari bilan aytadigan ashulasi ana shu alahsiragan ovozdan xotirasiga muhrlanib qoldi. Endigina tili chiqqan bolachalarni koʻrganida uning qulogʻi ostida oʻsha xasta ovoz jaranglayveradi...

Asad non olib qaytganida uyning eshigi lang ochiq, onasi kesakiga beholgina suyanib turardi. Avvaliga u hatto oʻgʻlining kirib kelganini ham sezmadi. Asad «oyi, oyi», deganidan soʻnggina sergak tortdi.
— Opoqingni chaqir, — dedi yigʻlamsirab.

Asad «nima uchun?» deb soʻrab oʻtirmay Jalilnikiga chiqib ketayotganida orqasidan onasining soʻzlarini eshitdi:
— Dadasi, endi sizga nima deb javob beraman?!.

Onasiga qoʻshilib Jalil ham chiqdi. Ayollar ichkari kirib ketishdi. Oʻshandan soʻng Asadning onasi faryod urdi.
— Samandar... oʻldimi? — dedi Jalil, Asadning yengidan tortib.

«Samandar oʻldi?!»

«Samandar oʻldi...»

Bu gap Asadning miyasiga toʻqmoqdek urilib, tovonigacha zirillatib yubordi. Bir oz nest boʻlib turdi-da, soʻng uyga otilib kirdi. Uy oʻrtasiga koʻrpacha solib, ukasini yotqizib qoʻyishibdi. Samandarning bir tomonida onasi oʻtiribdi. Opoqisi sandiq kavlayapti.
— Ana, akang keldi, bolam... — onasi shunday deb Asadni quchoqlab yigʻlayverdi, yigʻlayverdi...

Asad ota oʻrnida ota boʻlib ukasini soʻnggi makonga qoʻyib keldi. Qoʻni-qoʻshnilar uni katta odamday koʻrib, ta’ziya izhor etishdi. Ana oʻshanda Asad oʻzini «katta odam boʻlib qolganini» his etdi. Qabristondan qaytishayotganda mahalla ancha besaranjom edi. Koʻpchilik maktab tomonga shoshilardi. Jalilning otasi «nima gap?» degan savolga yigitlardan biri:
— Radioni eshitaylik. Stalin oʻlganmish, — dedi.
— Ogʻzingga qarab gapir-e, nima deyapsan? Stalin ham oʻladimi? — dedi Jalilning otasi.

Bu atrofda radio faqat maktab direktorining xonasida bor edi. Kechqurun, ertalab radio eshituvchi qorovul mahallani yangilik bilan ta’minlagani sababli oʻqituvchilar qatori u ham hurmatli kishilardan sanalardi. Stalinning oʻlimi haqidagi xabar oʻshandan chiqqani ayon edi.

Asad bilan Jalil ham boshqalarga qoʻshilib maktabga kirishdi. Direktor xonasidagi radio keng dahlizning oʻrtasiga olib chiqib qoʻyilgan. Ikkinchi qavatga olib chiquvchi zinalarda odamlar tirband oʻtirishibdi. Hamma jim. Barchaning nigohi oʻrtadagi qora qutida. Xuddi moʻ’jiza yuz berishini kutganday kiprik qoqishmaydi.

Birdan qora qutidan «Govorit Moskva» degan jarangdor ovoz chiqdi.

Jalil Asadni yengidan tortib shivirladi:
— Urush boshlanganga oʻxshaydi.

Jarangdor ovoz dohiyning oʻlim topganini e’lon qilgach, radio yonida oʻtirgan shop moʻylovli erkak «voy, otam» deb yigʻlab yubordi. Bir yigit hushidan ketib shilq etib yiqildi. «Voy, endi nima qilamiz!» deb bir ayol chinqirdi. Ola-gʻovur boshlandi.
— Stalin oʻlgan boʻlsa, endi urush boshlanadi, — dedi Jalil.

Jalilning otasi bolalarni qoʻllaridan ushlab, tashqariga boshladi.
— Bu dushmanlarning ishi, Stalin oʻlmasligi kerak edi, — dedi u.

«Nima uchun oʻlmasligi kerak?» degan savol Asadni koʻp oʻylantirdi. Oradan yillar oʻtib, Stalin qoralanganda ham shu savolni koʻp esladi, ammo javob topa olmadi.

Shom tushib, qoʻni-qoʻshnilar uy-uylariga tarqalishgach, ona-bola yolgʻiz qolishdi. Urush yillari janggohlardan jon olib toʻymagan hazrati Azroil bu tomonlarda ham kattami-kichikmi farqiga bormay tutib olavergach, odamlarning diydalari ancha qotib qolgan edi. Shundanmi, goʻdakning oʻlimi katta fojia sanalmasdi. Samandarni qabristonga olib borishayotganda Asadning nazarida hamma qaygʻuga botgan edi. Keyin Stalin oʻlimi haqida xabar tarqaldi-yu, goʻdakning oʻlimi bilan hech kimning ishi boʻlmay qoldi.

Yolgʻiz oʻtirgan ona-bolani yutaman, deganday tun yopirilib kirdi. Tancha sovuq — olov qilish eslariga kelmabdi. Qora chiroq qorongʻilik dahshatidan qoʻrqqanday titraydi. Ona-bola gap-soʻzsiz uzoq oʻtirishdi. Asad endi koʻzi ilingan ekan, onasining ovozini eshitib, choʻchib uygʻondi.
— Adasi, oling, nondan yeb turing, hozir samovor qaynaydi.

Asad ham qoʻrqoʻv, ham ajablanish bilan onasiga qaradi. Patnis ustida lipillab turgan chiroqdan boʻlak hech nima yoʻq. Lekin onasi non sindirganday harakat qiladi.
— Samandaringiz uxlab qoldi-da. Shunaqangi shirin boʻlganki... Oling, choy iching. Endi uzoqqa ketmang... Odam sogʻinarkan...

Asad «Oyi...» dedi sekin. Keyin ovozini koʻtaribroq chaqirdi. Onasi eshitmadi, gapiraverdi...

Oʻshandan boshlab har tun shu hol takrorlanaverdi.

Zinatulinning taqdiri oʻsha tunlarning birida hal qilingan edi. U damda Asad Zinatulin degan zotni bilmasdi. Aynan shu odamni jinnilikka hukm ham qilmagan edi. Uylariga bostirib kirganlarning biri qiynoq bilan oʻlim topmogʻi, ikkinchisi jinni boʻlib xorlanishi lozim edi. Yerevandagi oʻlja shoshilinch ravishda oʻldirilishi shart edi. Zinatulinning ishi shoshqich emas, shu bois ikkinchi hukm unga nasib etdi...

Zinatulin bexos qichqirib, Asadbekning xayollarini toʻzitib yubordi.
— Yoʻq edi hech qanday komitet! — dedi u oʻrnidan sapchib turib. — Yoʻqligini bilardim. Ular «xalq dushmaniman», deb tan olishdi. Ammo sening kimligingni bilib ketishdi. U yoqda, — Zinatulin qoʻlini bigiz qilib osmonga sanchdi, — hali uchrashasan, ha! — U qah-qah otib kuldi. — Nima deysan endi?! U yoqda enkevede boʻlmaydi. Rasvoing chiqdi, parazit! Hammang rasvo boʻldilaring, — Zinatulin shunday deb qabrlarni oralab yurib ketdi.

Asadbek to uning qorasi oʻchmaguncha izidan tikilib turdi. A’yonlar «oʻgay amaki»ning ahvoliga achinganday indashmadi.
— Endi oʻz holiga qoʻyinglar, — dedi Asadbek. — Jinnixonaga qaytmasin. Yuraversin.

Chuvrindi buyruqni yaxshi anglamay, Asadbekka qaradi:
— Kuzatuvdagi yigitlarni boshqa ishga olaveraymi?
— Ha, ishlaring boʻlmasin, dedim-ku! Jinnixonaga tayinla, bolalari olib borsa, qabul qilmasin. Tamom!

Ming toʻqqiz yuz elliginchi yilning birinchi yanvaridagi hukmning soʻngroq tuzatilgan ikkinchi yarmi shu zaylda ijroga kirdi.

Zinatulinni qabrlararo tanho qoldirib, izlariga qaytdilar. Goʻrkovlar xonasiga koʻtariluvchi zina yonidagi ensiz supaga koʻrpacha toʻshalibdi. Koʻrpacha ustida chordana qurib oʻtirgan, boshiga qozonni eslatuvchi qoʻlbola qalpoq kiygan, paxmoqsoqol ularning e’tiborlarini tortdi. Jamshid goʻrkovboshini tashqariga qoʻymay iziga qaytargach, dam oʻtmay koʻrpacha koʻtarib shu paxmoqsoqol chiqib kelgan edi. Koʻrpachani supachaga toʻshab oʻtirib olgani uchun Jamshid unga indamadi. Paxmoqsoqol bir nimaning ilinjida oʻtirganini sezsa ham Asadbek toʻxtamay oʻtib ketmoqchi edi.
— Ie, vey, toʻxta, — dedi Kesakpolvon paxmoqsoqolga tikilib, — direktorimga oʻxshaydi-ku?

Asadbek toʻxtab, Kesakpolvonning izidan qaradi. Paxmoqsoqol oʻtirgan yerida salomga alik oldi. Kesakpolvon supa chetiga omonat oʻtirgach, paxmoqsoqol tilovat boshladi. Soʻzlarini yamlab talaffuz qilishiga e’tibor berib, bu «qori» ham keyingi paytda birdaniga bodrab chiqqan chalamullalardan biri ekanligini fahmlash qiyin emasdi. Tilovat tugagach, Kesakpolvon oʻn soʻm uzatdi. Paxmoqsoqol shunga yarasha uzoq duo qildi.

Kesakpolvon paxmoqsoqolga tikilganicha oʻtiraverdi.
— Ha, oʻgʻlim, meni birovga oʻxshatyapsizmi? — dedi paxmoqsoqol oʻngʻaysizlanib.
— Oʻxshatyapman... Siz oʻttiz ikkinchi maktabda ishlamaganmisiz?
— Ha, endi... shoʻrolarga ham xizmatimiz singgan. Sababi tirikchilik-da. Siz, oʻgʻlim, shu maktabda oʻqiganmisiz?
— Tikilmang, tanimaysiz meni. Sizni qamalib ketgan deb eshituvdim.
— Ha, endi... tuz-nasib qoʻshilgan ekan...
— Bir oʻquvchi qizni... a?
— Astagʻfirulloh! Bu boʻhton gap. Stalin davrida reprisa qilinganman.
— Qani, qori aka, bi-ir osmonga qarang, — paxmoqsoqol ajablandi, biroq, Kesakpolvonga itoat etdi — osmonga qaradi. — Endi Xudoga yolborib, «menga yuz soʻmlik yogʻdir», deng.
— Shakkoklik qilmang, oʻgʻlim.
— Siz aytganimni bajaring, — Kesakpolvon bu safar tahdid bilan gapirdi. Paxmoqsoqol choʻchib, bir nima deb pichirladi.
— Soʻradingizmi, bermadimi? Endi mendan soʻrang.
— Oʻgʻlim, qoʻying, gunoh boʻladi...
— Soʻra deyapman!
— Yuz soʻmlik yogʻdiring... oʻgʻlim.

Kesakpolvon choʻntagidan bir dasta pul chiqardi-da, Paxmoqsoqol ustidan sochdi. Paxmoqsoqolning koʻzlari qinidan chiqquday boʻlib oʻynab ketdi.
— Qani, men kuchlimanmi, yo Xudomi? — dedi Kesakpolvon unga zaharli nigohini qadab. Paxmoqsoqol boshini egib oʻtiraverdi, javob bermadi.
— Nimaga unday qilding? — dedi Asadbek, mashinaga oʻtirishgach.
— Haromidan oʻchimni oldim, — dedi Kesakpolvon sigaret tutatib.
— Kim u?
— Maktabimizga direktor edi. Har kuni bizni hovliga tizib «Osmonga qarab «Xudo, konfet ber», deb yalininglar», derdi. Aytganini qilardik. «Xoʻ-oʻsh, berdimi? Yoʻq. Demak, Xudo yoʻq ekan, a? Endi «Direktor bova, konfet bering» denglar», derdi. Aytganimizdan soʻng uch-toʻrtta bolaga popuklik konfet berardi. «Xoʻ-oʻsh, Xudo zoʻrmi yo menmi?» derdi. Ellik sakkizinchi yilda bir oʻquvchi qizni boplab qoʻygan ekan. Stalin repressiya qildi, deb oʻtiribdi haromi. Bir boplayman, deb yuruvdim, uchragani yaxshi boʻldi.

Paxmoqsoqol Kesakpolvonni tanimadi. Lekin maktabdagi oʻsha holni esladi. Kesakpolvon uni «boplaganidan» xursand ketdi. Paxmoqsoqol esa shunday esi yoʻq bandalarni ham yaratgani uchun Xudoga shukrlar qilib, sochilib yotgan pullarni yigʻib, choʻntakka urdi.

XI bob

1

— Men Bek akamni otamdan ulugʻ deb bilaman. Bek akam aralashmaganlar bu ishga. Men eshik oldida qorovul edim. Shilimshiqning maqsadi menga ham noma’lum edi...

Elchin roʻparasida oʻtirgan jingalaksoch yigitdan koʻz uzmay oʻtirardi. Oʻzini Jamshid deb tanitgan bu yigitni yangi yil shomida koʻrgan edi. Savollariga javob bergisi kelmay ensasi qotgan yigit bugun kutilmaganda oʻzi kirib keldi — Elchinning yarasiga tuz sepdi. Jamshid nigohini olib qochmasdan, oʻzini aybli deb hisoblamasdan tik qarab turib gapirdi. Noilaning qaysi xonada oʻldirilgani, Shilimshiqning qanday kirgani, qanday zoʻrlagani... hammasini aytdi. Soʻng... suratlar chiqardi. Ana shunda Elchin oʻzini tuta olmay qolib boʻgʻib oʻldirmoq qasdida unga tashlandi. Oʻsha mudhish voqeaga Jamshidning aloqasi bormi-yoʻqmi — Elchin uchun farqsiz edi. Eng muhimi — bu mal’un ularning sherigi, ularning odami!

Jamshid Elchin tashlanib qolar, deb maxsus tayyorgarlik koʻrib oʻtirmagan edi. Ammo uning Asadbek toʻdasida olgan eng muhim sabogʻi — sergaklikni bir nafas ham yoʻqotmay, yotsa ham, tursa ham, har qanday nogahoniy hamlaga tayyor boʻlish edi. Oʻsha sergaklik pand bermadi — oʻzini chetga olishga ulgurdi. Qoʻllarini choʻzganicha tashlangan Elchin oʻzini toʻxtatolmay oldinga uchdi. Shunda boʻyniga bir zarb tushdi. Soʻng qoʻli orqasiga qayrildi. Jamshid choʻntagidan chizimcha chiqarib boʻgʻishga shaylangan qoʻllarni bir zumda bogʻlab tashladi. Bu ishlar koʻz ochib yumguncha bajarildi. Boʻgʻziga pichoq tortilganday xirillayotgan Elchin dastlab qay holga tushganini anglamay ham qoldi. Keyin boshini koʻtarib, Jamshidga qaradi:
— Qoʻllarimni boʻshat, haromi!
— Haromi nimaligini bilasanmi oʻzing! — Jamshid shunday deb uning qorniga tepdi. Elchin nafasi qaytib, bukchayib qoldi. Jamshid esa, xotirjam holda choʻntagidan sigaret olib tutatdi.
— Haromi deb sendaqalarni aytadi. Xotiningni qimorga tikib yurib, endi aqling kirib qoldimi? Bek aka senga muruvvat qilib, dushmaningni avaylab, asrab turdilar. Oʻzi xumordan chiqsin, dedilar. Seni oʻlimdan olib qoldilar. Armonda ketmasin, dedilar. Oʻgʻil bolalik shunchalar boʻladi-da! Oʻzingni bosib ol, he itdan tarqagan. — Jamshid shunday deb uning oyogʻini ham bogʻladi-da, chiqib ketdi.

Elchin qoʻllarini boʻshatolmay yerda tipirchilab qolaverdi. Zelixon kelmaganida qancha yotardi — Xudo biladi.

Zelixon Elchinning uyiga xavotir bilan keldi. Chunki Elchin va’daga binoan unikiga borishi lozim edi. Zelixon uni kuta-kuta toqati toq boʻldi. Hamisha xatar jari ustidagi qil koʻprikda yuruvchi odamning yuragi sezgir boʻladi. Zelixon ham Elchinga bir nima boʻldi-yov, deb xavotirlangan edi — sezgisi aldamadi.

Tipirchilayverganidan chizimcha qoʻl-oyogʻini shilib yuborgan edi. Chizimcha yechilgach, shilingan yerlari lovullay boshladi. Lekin Elchinni hozir bu emas, yuragidagi oʻt koʻproq qiynardi. U Jamshidning tashrifini qisqagina qilib aytib berdi. (Tepki yeganini, shubhasiz, yashirdi.)
— Oʻyin boshlanibdi, — dedi Zelixon stol ustida sochilib yotgan suratlardan birini olib.

Elchin xuddi xotinini sharmandali holda koʻrsatayotganday uyalib, suratlarni qoʻlidan tortib oldi.
— Yaxshilab qaradingmi, suratlarni yasashmaganmi? — dedi Zelixon. — Rostakam suratligiga menda ishonch yoʻq. Chunki, xotiningning oʻlimi — tasodif. Igʻvo maqsadida qilinmagan bu ish. Demak, har maqomda suratga olib oʻtirishmaydi. Xotining oʻz xohishi bilan qoʻshilmagan. Zoʻrlashgan. Demak, koʻzlarini bunday yumib, rohatlanib turmaydi...

Elchin dastlab jahl ustida suratlarga e’tibor bermagan edi. Zelixonning gapidan keyin suratlarga tikildi.
— Toʻgʻri, — dedi u suratlarni taxlab. — Noilaning yelkasida tirtigʻi bor edi. Suratda esa yoʻq.
— Ha... Oʻqilon bir yanglishibdi. Ishonishingni juda ham xohlayapti. Shilimshiq deganlarini taniysanmi, oʻzing?
— Taniyman. Oʻyinda u ham bor edi. Oʻshanga yutqizgan edim.
— Shilimshiq ularga yoqmay qolgan boʻlsa, sening qoʻling bilan yoʻqotishmoqchi? Yoʻ-oʻq... Bek gʻirrom qilmasa kerak. Faqat seni ishontirishning notoʻgʻri yoʻlini topibdi. Shunday aytsak, ishonmaydi, deb oʻylashgan. Endi ishonishing kerak.
— Hammasini oʻldiraman, — dedi Elchin, mushtumini qattiq qisib.
— Avval naqdini oʻldirib tur. Xoʻsh, nima qilasan?

Nima qilishini Elchin bilmasdi. Toʻgʻri, oʻldirishning bir necha turlarini xayolida pishitib yurardi. Lekin amalga oshirishga kelganida qoʻllari qaltiramasmikin?

2

Taqdir yozugʻiga Asadbek toʻdasiga aloqador ishlarni yuritish bitilgan ekan, prokuror yordamchisining chetlatishga urinishi bekor boʻlib qolaverdi. Namozov ishining ustalik bilan yopilishidan gʻazablanib yurgan Zohid Sharipovga kutilmagan ish topshirildi. Zohid militsiyaning qidiruv guruhi bilan voqea yuz bergan yerga borib dahshatli manzaraning guvohi boʻldi: yoʻl chetidagi daraxtga erkakligi kesib tashlangan, chap koʻkragiga pichoq sanchib qoʻyilgan qip-yalangʻoch odam osilgan edi. Oʻn qadamcha narida yondirib yuborilgan yengil mashina temirlari qorayib turardi. Bu qotillik tunda amalga oshirilgan, serqatnov katta yoʻldan mashinalarda oʻtganlar bu manzarani, aqalli yonayotgan mashinani, shubhasiz, koʻrishgan, ammo toʻxtashga, jilla qursa xabar berishga qoʻrqishgan.

Suratchi ishini tugatgach, murdani yerga olib, ustiga choyshab yopib qoʻyishdi. Zohid atrofni sinchiklab kuzatdi. «Erkakligi kesib tashlanganiga qaraganda qotillik tasodifan yuz bermagan, — deb oʻyladi u. — Orada qasos boʻlganmi? Unda nima uchun yuragiga pichoq sanchib, soʻng daraxtga osib qoʻygan?» Zohid shu paytgacha mayda oʻgʻrilaru bezorilar bilan shugʻullangan edi. Prokuror yordamchisi va’da etgan jiddiy ishning bu darajada boʻlishini kutmovdi. Zohid bu jinoyatning tagiga yeta oladimi yo bu ish ham ochilmay yotgan qotilliklar safiga qoʻshiladimi, hozir bilmaydi. U qotilliklarning yarim tunda emas, shomda sodir boʻlganidan ham bexabar. Murda osilgan daraxt atrofidagi izlarning biri — Elchinniki ekani ham unga noma’lum...

...Shilimshiq deb laqab olgan Jalolni avval daraxtga boʻynidan bogʻladilar. Qoʻl-oyoqlari boʻsh edi, biroq, qimirlashga, oʻzini himoya qilishga qurbi yetmasdi. Qimirladi, degunicha ingichka silliq kanop boʻgʻardi. U ajali yetganini sezdi. U Asadbek qahriga uchrab, badargʻa boʻlganida ajablangan edi. Elchin «xotinimni oʻzim oʻldirganman», deb qamalib ketdi. Asadbekning sha’niga gard yuqadigan gap boʻlmadi. Elchinning tanobini tortib qoʻyishni Asadbekning oʻzi buyurgan edi. Tanobni sal qattiqroq tortibdi, shunga shunchami? Ha, endi qaymoqday narsa ekan, toʻyib yemasa ham yalab koʻrishi kerakmidi? Xotinni qimorda halol yutib olganidan keyin hushiga kelganini qiladi-da! Jalolshilimshiq Asadbekka sodiq edi. Asadbek ham uni qadrlardi. Xoʻjayinni qaysi shayton yoʻldan urdi, Shilimshiq bilmaydi. Bitta otarchining xotini deb badargʻa qilib yuborganiga sira aqli yetmaydi. U Rusiyaning sovuq shaharlarida nasibasini terib yurgan chogʻlarida koʻp oʻyladi, turli taxminlarga bordi. Oʻzi uchun eng ishonchlisi — «otarchining qaymoqdekkina xotini Bek akamning suyukli oʻynashi ekan-da, shunga chidolmadilar», degan taxmin edi. Shilimshiq surgun muhlatini bilmas edi. Musofirlikda rizqini qiynalmay terib yurgani uchun ham «Vatan hajrida kuyib yonish», degan hislar unga begona edi. Yangi yil ayshini surib yurganida Bek akasining yoʻqlaganini bilib, bir quvondi, bir koʻngli gʻashlandi. Unga yap-yangi taksining kalitini tutqazib: «Bu «Volga» oʻz-oʻzingga, aqling boʻlsa bitta moshinani shaxsiy taksoparkka aylantirasan. Noshudlik qilsang, chorigʻingni sudrab yuraverasan», deyishdi. Picha aqcha ham berishdi. U bundan xursand boʻldi. Biroq, Asadbek bilan koʻrishmagani yuragiga gʻulgʻula soldi. «Gunohim shunchalar koʻp ekanmi, Bek akamning koʻrgilari yoʻq», deb koʻp tashvish chekdi.

Boʻyniga silliq kanop tashlanganida ham taqdir yozugʻidan bexabar edi. Kavkazlik boyvachcha yigitlarning bu qiligʻidan hayron boʻldi. «Moshinani olinglar, yonimdagi pulim kamlik qilsa, yana topib beraman», deb yalindi. Yigitlar gapga tushunmaganday beparvo turaverishdi. Yana «Yigirma ming beraman», dedi. Ellik mingga ham chiqdi. Latifa aytib kuldirib kelayotgan yigitlar esa tund holda oʻtiraverishdi. Havorang «Jiguli» toʻxtab, undan tushgan Elchinni tanidi-yu, taqdirga tan berdi!
— Elchin, ayb menda emas! — deb baqirdi jonholatda.

Elchin indamadi. Asta-asta bosib, oʻljasiga yaqinlashdi. U hali oʻljasini bir zumda boʻgʻizlab tashlaydigan vahshiy kepatasiga kirmagan edi. U hatto bir oz hayajonlanardi ham. Oʻch olishga bunchalik oson erishaman, deb oʻylamagandi. Oʻljaga tashlanish uchun vujudidagi hayajon uchqunini vahshiy alangaga aylantirishi lozim edi. Roʻparasidagi odam — Asadbekning qizi emas. Hozir boʻlmasa bir soatdan keyin yoki ertaga amalga oshiriladigan ish ham emas. Choʻntakdan pichoqni hozir olishi shart, erkakligini ham hozir kesib tashlaydi. Soʻng... azobdan oʻkirayotgan paytda Noilani quchgan panjalarini shu pichoq bilan chopib, uzadi. Hammayogʻi qonga belanib toʻlgʻanayotganida, joni chiqay deganida yuragiga pichoq sanchadi. Sanchadi-yu, sugʻurib olmaydi...
— Elchin, ayb menda emas, Xudo ursin!
— Ayb kimda?
— Baliq boshidan sasiydi. Asadbekning ishi bu.
— Sen-chi?
— Men poyloqchilik qilganman.
— Jingalaksoch-chi?
— Jamshidmi? Uyam kirgan... oxirida.
— Kim oʻldirgan?
— Jamshid.
— Yana kim bor edi?
— Kesakpolvon...

Jalolshilimshiq Elchinning vajohatiga qarab «baribir oʻldiradi», deb oʻyladi. «Men oʻlamanu ular maza qilib yurishsinmi?.. Ularni ham topib oʻldirsin...» degan niyatda shoshilib-shoshilib gapirardi. Oʻlim sharpasi yuzu koʻzini silay boshlaganida gunohlarga tavba qilish kerak, deb unga hech kim aytmagan. Jon shirinligini shu paytgacha his etib koʻrmagan, necha odamni xonavayron qilib, nechtasi koʻksiga pichoq sanchganda qoʻli qaltiramagan bu banda tavba degan tushunchadan ancha yiroq edi. Hozir tasodif roʻy berib, boʻynidagi silliq kanop yechib yuborilsa, narida turgan kavkazlik yigitlar koʻzdan yoʻqolsa, Elchindagi hayajon uchquni vahshiy alangaga aylanmay turib, uni jon taslim qilishi aniq boʻlib qolardi. Tasodif ham, moʻ’jiza ham yuz bermaydi. Hademay, qoʻl choʻntakdan chiqadi. Nima olib chiqadi — pichoqmi, toʻpponchami? Yo oʻlasi qilib doʻpposlab, soʻng daraxtga osishadimi? Jalolshilimshiq shuni bilmaydi.
— Demak... Birinchi Asadbek kirdimi?
— Ha... u oldin ham kelib yurarkan. Endi senlarga... devdi... Keyin... Jamshid qizgʻanib...

Jalolshilimshiqning gapi ogʻzida qoldi. Tumshugʻiga tushgan musht zarbidan boshi daraxtning zarang tanasiga zarb bilan urilib, gangib hushidan ayrilay dedi.
— Bekor aytibsan, itvachcha! — dedi Elchin xirillab. U oʻljasidan bu gaplarni kutmagan edi. Oʻlishi lozim boʻlgan oʻljasi Noilasining nomini bulgʻab qoʻydi. Shu gap endi oʻt olayotgan vahshiy alangaga moy sepdi. Elchin hushini tamom yoʻqotdi. Jalolshilimshiqning tum-shugʻiga yana bir-ikki musht tushirgach, soʻng chotiga tepdi. Jalolshilimshiq dod solib oʻkirdi. Qorniga ham tepki yegach, nafasi qaytib xirillab qoldi. Elchin uning kiyimlarini yulqib, yecha boshladi.

Katta koʻchadagi mashinalar shu yerga kelganda bir oz sekinlardi. Odamlar yoʻl chetida nimalar sodir boʻlayotganini koʻrishardi-yu, toʻxtashga yuraklari betlamasdi, yo Xudo «qoʻy, toʻxtama, bu bandam shu jazolarga loyiq», deb koʻngillariga solarmidi, harholda yana mashinalarini tezlashtirib koʻzdan yoʻqolishardi.

Elchin nima qilayotganini oʻzi bilmay qoldi. Pichoqni chiqarib uning erkakligini shart kesib tashladi. Vahshiy alanga tillari uning esini olgan, koʻzini koʻr qilib qoʻygan edi. Sal narida turgan kavkazlik yigitlar ham Elchindan bunday vahshiylikni kutishmagan edi. Elchin shu alanga oʻtida qovurilib, panjalarni kesishni unutdi. Toʻlgʻonishga ham quvvati qolmagan Jalolshilimshiqning chap koʻksiga pichoq sanchdi.

U qasos umidida yurgan kezlari mal’unning koʻksiga pichoq sanchsam, taskin toparman, deb oʻylardi. Mana pichoq ham sanchildi. Oʻljasining kallasi Iso Masihning boshiday yonga egilib, osilib qoldi. Yigitlar yaqinlashib, jonsiz yalangʻoch tanani daraxt shoxiga osishdi... Elchin qasos lazzatini bilolmay qoldi...

...Prokuratura tergovchisi Zohid Sharipov bu manzaradan bexabar, oʻzicha taxminlar qiladi, kalavani yechmoqchi boʻladi. Holbuki, kalavani yechmoq uchun avval uning uchini topmoq kerak. Zohid uni topa oladimi— hozir bilmaydi. Kechga borib oldidagi qora parda asta-sekin koʻtarila boshlaganday boʻldi. Avval mashina taksoparkdan oʻgʻirlangani aniqlandi. Korxona rahbarlarining yap-yangi mashinani oʻgʻirlatib qoʻyib indamay oʻtirishlari Zohidni ajablantirdi. Mashina biron haydovchiga biriktirilmagan, belgi raqami ham olinmagan. Haydovchilar yangi mashina kelishini orziqib kutishadi, unga ega chiqish uchun rahbariyatga falon soʻm pora berishadi. Nahot bundan bexabar qolishsa? Taksopark Zohid avval ishlagan deparada joylashgan edi. Zohid Hamdam Tolipovni topib, shu masalani yechishni topshirdi.

Murda tirikligida Shilimshiq laqabi bilan yurgan Jalol Komilov ekani aniqlangach, Zohid kalavaning uchini topganday boʻldi. U qotillik tasodifan yuz bermaganiga ishonardi. Jalolshilimshiq bundan yigirma yil muqaddam, oʻsmirlik chogʻida bir marta qamalgan. «Odobi va mehnatsevarligi bilan boshqalarga oʻrnak boʻlgani, gunohidan astoydil iztirobda ekani» inobatga olinib, qamoqdan barvaqt boʻshatilgan. Bu «odobli bola» shundan beri militsiya nazariga tushmagan. Bu «mehnatsevar bola» yigirma yildan beri bir joyda — shahar xoʻjaligida koʻcha supuruvchi boʻlib ishlardi. Ota-onasi durustgina yerlarda xizmat qiluvchi yigitning koʻcha supuruvchi — farrosh boʻlib ishlashi ajablanarli edi.

Zohid shu savolga javob topmoq istagida shahar xoʻjaligi idorasiga borib, besh loʻli xotinning qabulxonada boshliqni qiyin-qistovga olayotgani ustidan chiqdi.
— Bizne birgotga begonalarne qoʻysangiz, choʻltoq supurgingez boshingizga qolsen.
— Boʻsh joyga biz aytgon xotunne olasizme yo yoʻqme? — dedi ularning biri, boshqalari ham aynan shu gapni chuvillab qaytarishdi. Boshliq ularning fe’lini yaxshi bilgani uchun tinchitishga harakat qilmadi. Loʻli xotinlar javob kutib oʻzlari tinchishgach:
— Erta-indin tugʻadigan xotinni ishga olmayman. Ketsalaring ketaverlaring, shtatni qisqartiraman. Boshqalarning maoshini oshiraman, qaytaga yaxshi, — dedi.
— I-i-bi... Xo-o... ishtotne qisqortirsangez biz sizne ishtoningizne qisqortamez-a, aka Rasul omon boʻlsalar bizne koʻchaga tashlob qoʻymaylar. Sovetskiy vlast borme oʻzingizga. Oʻsha xotunne ishga olasez. Ha, xotun boʻlgondan soʻng toʻgʻodi-da. Siz xotun boʻlgoningizda oʻzingiz ham tugʻar edingizme?

Xotinlar biri olib, biri qoʻyib shangʻillayverishdi. Boshliq temirdan ekan, hammasiga chidadi. Oxiri qiziq tomoshaga guvoh boʻlib oʻtirgan kotibasiga qarab baqirdi:
— Buyruq yozing: oʻn yetti kishidan iborat komissiya Qatorterak, Utyujniy, Magnitagorskiy, Zeleniy koʻchalarini borib tekshirsin. Koʻcha iflos boʻlsa, bularning hammasi haydalsin! Qirq yettinchi statya bilan boʻshatilsin, ha!

Loʻli xotinlar bir-birlariga savol nazari bilan qarashdi. Ular «qirq yettinchi statyaning» nima ekanini bilishmas edi. Boshliq shuni tilga olib, poʻpisa qildimi, demak, bir gap bordir, deb choʻchishdi. Avvalgiday chuvillashmasdan qabulxonadan chiqib ketishdi. Boshliq qilgan ishidan mamnun boʻlib kotibasiga jilmayib qoʻydi-da, xonasiga yoʻnaldi. Shunda eshik oldida turgan Zohidga koʻzi tushib «Menda ishingiz bormi?» deb soʻradi. Zohid oʻzini tanishtirgach, birdaniga chehrasi muloyimlashdi-da, qoʻshqoʻllab salomlashdi. Salomlashish manzarasini chetdan kuzatgan kishi Zohidni aziz mehmon, boshliqni esa bu aziz mehmonni orziqib kutgan va nihoyat, umidi ushalgan baxtiyor mezbon deb oʻylashi mumkin edi.
— Ishingiz ogʻir ekan, — dedi Zohid ichkari kirgach.
— E, nimasini aytasiz, — dedi boshliq, oʻziga-oʻzi achinib. — Qon qilib yuborishadi.

Boshliq Jalol Komilovni eslay olmadi. Qogʻozlar titkilanishi lozim boʻldi. Hujjatlar qoidaga amal qilingan holda tartibli edi. Ishga qabul qilingach, «mehnatsevar», «kollektivda obroʻ-e’tiborga ega» boʻlgani uchun doimiy ravishda pul mukofotlari berilib turilgan. Komilovning mehnatdagi yutuqlari ta’riflangan satrlarni oʻqib, Zohid «bu yutuqlar uchun yuz soʻm kamlik qilar, biratoʻlasi Sotsialistik Mehnat Qahramoni unvoniga taqdim etaverishmagan ekan-da», deb qoʻydi. Jalol Komilov maoshini ham vaqtida kanda qilmay olib turgan. Agar hujjatga shak keltirilmasa, u kecha, oʻlimidan soʻng ham kelib maosh olgan. Zohid «balki arvohlarga ham pul zarur boʻlib qolgandir», deb oʻylab, hujjatlarni boshliqqa uzatdi:
— Kollektivda obroʻsi baland ekan-u, kollektiv bu baobroʻ odamning oʻlimidan bexabar qolibdi-da, a?

Boshliq xijolat boʻlganday boshini egdi:
— Kadrlar bilan oʻrinbosarim shugʻullanadi. Bexabar qolibman, uzr.

Oʻrinbosar buyragidagi toshni tushirish uchun Ukrainaga davo istab ketgan ekan. Zohidga ayrim sirlarni shu odam ochib berishi mumkin edi. Chunki Jalolshilimshiqni shu oʻrinbosar ishga qabul qilgan, doimiy ravishda ragʻbatlantirib turgan. Idora xodimlaridan hech kim Jalol Komilovni eslolmaydi. Komilovni hatto brigada boshligʻi ham tanimadi. Bu Zohid uchun ajablanarli hol emas edi. Chayqovchi yoki imorat ustalari mana shunday bir yerga ilinib olishadi. Birov surishtirsa — ishlaydi, «jamiyatning faol a’zosi». Shunday qilinmasa, «tekinxoʻr» degan tavqi la’natga qolishadi. Zohidga bir narsa qorongʻi— kim bu, Komilov, chayqovchimi, imorat ustasimi... Yo boshqa bir firibgarmi?

3

Zohid Jalolshilimshiqning uyini qiynalmay topdi. Xalqda «dvoryanlar uyasi» deb nom olgan, ikki qavatli gʻishtin uylardan biri Komilovlarga tegishli edi. Otasi olti yil muqaddam bu dunyo tashvishlaridan qutulib ketgan ekan. Onasi — ellik yoshlarga borgan, faqat bu dunyo bilan emas, balki goʻzalligi bilan ham xayrlashishga shoshilmayotgan koʻhlikkina ayol edi. Dahlizda kiyim ilgich yonida ikkita pastak kursining biriga Zohid oʻtirdi. Ikkinchisini mezbon egallab, «eshitaman», deganday qoshlarini chimirdi.
— Jalol Komilov sizning oʻgʻlingizmi? — deb soʻradi Zohid.
— Ha... shunaqa desa ham boʻladi, — dedi ayol, chimirilgan holda.
— Tushunmadim, — dedi Zohid, — oʻgaymi yo boqib olganmisiz?
— Oʻzimniki... oʻzim tuqqanman. Lekin meni tashlab ketgan. Tirikmi yo oʻlikmi, bilmayman, — ayol afsuslanganday xoʻrsindi. — Ochigʻi, qamoqdadir deb yuruvdim. Surishtirib yurganingizga qaraganda endi qamalsa kerak? U... qaysi statya bilan ayblanayapti?

Zohid uning savoliga javob bermadi. Ayolning gaplaridan gʻashi kelganini yashirmay, savolga tutdi:
— Uni oxirgi marta qachon koʻrgansiz?
— Esimda yoʻq. Harholda oʻn yildan oshdi. Oʻzi unga nima boʻldi, aytsangiz-chi?
— Oʻn yil davomida «oʻgʻlim qaerda ekan», deb qidirib koʻrmadingizmi?
— Qaerdan qidiraman?

Ayol: «Oʻgʻlim sha’nimga dogʻ tushirdi, katta mansablarni egallab oʻtirgan odamning bolasi oʻgʻri, sayoq boʻlishi mumkinmi? U emas, men undan tonganman. Yoʻqolib ketganidan hatto mamnun edim», desa haqiqatni aytgan boʻlardi.

Jalolshilimshiq qamalganida ayolning koʻziga dunyo qorongʻi koʻrinib ketdi. Oʻsha damlarda el ogʻasi Ayolning husnini e’tibordan chetda qoldirmay, «feodalizm sarqitlariga ayovsiz kurash ochib, ayollarni rahbar vazifalarga dadil koʻtarish» masalasini hal qilayotgan edi. Bu masalaning yechimi ijobiy hal boʻldi, oʻgʻli ham qamoqdan qaytarildi, ammo toʻgʻri yoʻlga qaytmadi. Qaytishi mumkin emas ham edi. Harom ishlar bandalardan pinhon tutilishi mumkin, ammo shayton yetaklab borayotgan bandaning har bir odimi oʻlchogʻli, har bir nojoʻya qadami uchun jabr tortishi aniq.

Ikkinchi bolasini oldirib tashlagan, qornini mahkam bogʻlab yurib qad-qomatini saqlab qolgan Ayol onalik baxtini asrab qololmadi. Oʻgʻli ketar mahalida «Men sizlardan nafratlanaman, sizlar nopok odamsizlar!» demadi. Jalolshilimshiq bunday yuksak tuygʻulardan yiroq edi. «Men qanday xohlasam, shunday yashayman, ishingiz boʻlmasin», dediyu gʻoyib boʻldi. Er-xotin orasida mashmasha qoʻzgʻolganida Ayol eriga shunday derdi. Buni qoʻshni xonada yolgʻiz oʻtirgan Jalol eshitardi. Uydan chiqib ketayotganida Jalol buni piching tarzida aytmadi. Ayol «oʻzimning gapim bilan oʻzimga tarsaki urdi», deb ham qaygʻurmadi. «Mayli, oʻzicha bir yashab koʻrsin. Burnini tortib, chorigʻini sudrab qaytib keladi», deb ishondi. Kutgani boʻlmadi. «Davlat ahamiyatiga molik ishlar»ga shoʻngʻib ketib, oʻgʻlini koʻpam eslamadi. Hatto uyini oʻgʻri urib ketganidan keyin ham yodga olmadi. Oʻgʻriboshi oʻgʻli ekani ham xayoliga kelmadi. Milisa chaqirtirmadi, iskovich it uyini hidlamadi. U «shuncha boylikni qaerdan toʻplagan edingiz» degan savoldan choʻchidi.

Yillarning beshafqat panjalari sochlarini oqqa boʻyab, koʻzlari atrofiga ajin torta boshladi. «Feodalizm sarqitlariga qarshi kurashayotgan» el ogʻasi «yangi rahbar kadrlar» bilan band edi.

Ayol erini dafn etgach, yolgʻizlik degan dardning nima ekanini totib koʻrdi. Kechalari qoʻrqadigan boʻldi. Bu azoblardan qochish uchun xizmat safariga koʻp chiqa boshladi. Bu harakat «ishga sidqidildan berilish», deb baholandi

Bu gap ayolning onalik tuygʻusini qitiqlab uygʻotdi. Biroq kul ostidagi choʻgʻ alanga olmadi. Chunki ayol yuksak madaniyat sohibasi edi. Bu gapdan dahshatga tushmadi, uvvos tortib yigʻlab yubormadi. Indamay burildi-da, katta xona tomon yurdi. Qiya ochilib qolgan eshikdan choʻgʻdek qizil gilamning, oltin rangli mato qoplangan divanning bir cheti koʻrindi. Ichkarida gugurt chaqildi — Ayol sigaret tutatdi. Yuksak madaniyatli ayol Zohidda nafrat uygʻotdi. U chiqib ketaversa ham boʻlardi, ammo koʻngilga bir shumlik oralab, ayolning chiqishini kutdi. Ayol hayallamadi, qoʻlida tutayotgan sigareti bilan chiqdi:
— Kim oʻldiribdi, ushladinglarmi? — dedi titroq ovozda. U dardga berilgan holda ham hokimalik minorasidan pastga tushmagan edi.

Zohid savolga javob bermay, choʻntagidan surat chiqarib Ayolga berdi. Ayol daraxtga osib qoʻyilgan yalangʻoch murdani tanidi. Shu nafasda yuksak madaniyat chekindi, hokimalik minorasidan tushib, oddiy ayolga aylandi — koʻz oldi qorongʻilashdi. Zohid behush ayolni koʻtarib, hashamatli xonaga kirdi. Uni divanga yotqizib, oshxonadan suv olib chiqib yuziga sepdi. Ayol seskanib, koʻzini ochdi. Zohidga uzoq tikildi-da:
— Berahm ekansan, — dedi pichirlab. Keyin buyurdi. — 33-19-23 ga telefon qil, tez yordam yetib kelsin.

Zohid «bu madaniyat sohibasi yana oʻlib qolmasin», deb aytganini bajo qildi. «Tez yordam» Zohidni hayratga solib, tezlik bilan yetib keldi. Oq xalatli toʻrt ayol birdaniga kirib kelib, gap-soʻzsiz tez ishga kirishib ketishdi. Zohid ularning harakatlarini kuzatib, bu uyga tez-tez kelib turishlarini angladi. Birpasning oʻzida yurak urishi tasmaga tushirildi. Emlandi... «Shunaqa imtiyozlar borligi uchun ham odamlar mansab talashishadi-da», deb oʻyladi Zohid.
— Bir oz charchabsiz, oʻtib ketadi, — dedi doʻxtir xotin.
— Oʻtib ketishi qiyin. Bu safar yomon keldi. Hushimdan ketib qoldim. Statsionarga yotmasam boʻlmaydi.

Doʻxtir mansabdorlarning shifoxonasiga telefon qilib boʻsh joy borligini bilgach, «oʻzingiz yura olasizmi?» deb soʻradi. Ayolning «oyoqlaridan jon chiqib ketganini» eshitib, uzun zambilni keltirtirdi. Zambilning bir uchidan Zohid koʻtardi. «Ogʻir kasal» eshiklarni qulflatishni unutmadi.

Zohid «tez yordam» mashinasi ortidan qarab qolaverdi: «Tugʻmoq boru koʻmmoq yoʻq ekan-da...»

XII bob

1

— Yanglishmayapsanmi?
— Yoʻq, rost, adasi...

Manzuraning gapi Asadbek yuragiga xanjar boʻlib sanchildi. Qizi ham unga botinib qarolmayotgan edi. U yerdan koʻzini uzmay siniq ovozda salom berganida Asadbek dodlab yuboray derdi. Bu moʻ’minlik oʻrniga qizi sochlarini yulib, «Dod, musulmonlar, men otam tufayli sharmanda boʻldim!» deb faryod urganida Asadbek bunchalar ezilmasdi.

Piyola sinsa chegalab ishlatish mumkin, ammo siniqning izi yoʻqolmaydi. Bu piyolada izzatli mehmonga choy uzatilmaydi. Nomus ham shunday. Inson yashayveradi, biroq, sharmandalik izi bir umrga saqlanib qoladi. Bu yorugʻ olamda rizqi uzilgunga qadar nomussizlikning ogʻir yukini ortmoqlab yuraveradi. Asadbek buni bilgani uchun ham toʻlgʻoq azoblarini boshidan kechirardi. Odamlar «faqatgina oʻlimning chorasi yoʻq» deyishardi. Oʻylab qarasa, nomusga tushgan darzni ketkazishning ham iloji yoʻq ekan.

Hayot... nomus... oʻlim... Nomus bilan yashamoq yoki nomussizlik botqogʻini kechib oʻtib oʻlim jariga qulamoq... Qizlar oʻzlarini yoqishadi, osishadi...

Shu fikr Asadbekning xayolini yoritib oʻtishi bilan yuragi xapriqib, nafasi boʻgʻziga qadalib qolganday tuyulaveradi. Xotini gapiga amal qilib uch marta «astagʻfirulloh» deb qoʻyadi. Shunday paytda Xudo borligi esiga tushib, Yaratgandan madad soʻraydi. «Umr boʻyi azob chekkanim yetmasmidi» deydi. «Odam boʻlib nima roʻshnolik koʻrdim», deydi. «Nimaiki azobing boʻlsa, barchasini totib koʻrdim-ku, endi tinchligimni ber, agar bergan boyliklaring evaziga tinchligimni olgan boʻlsang, boyliklaringni qaytarib ol, meni gado qil, ammo bolalarimning baxtini ber, men ham odam boʻlib bir rohat koʻray, bir kecha tinchgina uxlay, bir kun bir piyolagina choyni bolalarim davrasida tinchgina ichay...» deydi.

Asadbek koʻnglidan nolalar uchaveradi. U bilmaydiki Xudo nolayu figʻonlarga qarab emas, bandasining yurgan yoʻliga qarab ajr beradi.

Manzura erining xayolga botganini koʻrib, indamay turaverdi. Nihoyat, Asadbek nigohini bir nuqtadan uzib, xotiniga qaradi:
— Uzatvoramizmi?
— Kimga? — dedi Manzura.
— Bilmayman...

Chindan ham aniq bilmaydi...
— Qizingiz... bir gap aytdi.
— Nima deydi?
— Oʻsha odamning panjalari sal qiyshiqroq ekanmi...

Bu gapni eshitib Asadbekning koʻzlari chaqnab ketdi.
— Oʻng panjasimi?
— Ha, shunaqa dedi...
— He, onalaringni...— Asadbek soʻkib yuborganini oʻzi ham bilmay qoldi. — Endi aytadimi shu gapni?!

Demak, Elchin! Boshqa dalil-isbotning keragi yoʻq.

Asadbek — yaralangan yoʻlbars holidagi odam — kim oʻq uzganini endi aniq bildi. Endi u mal’unni bir hamla bilan yoʻq qilib tashlashi mumkin. Shilimshiq tortgan azoblarni Elchinning oʻzi ham tortib koʻrishi hech gap emas. Buni hoziroq bir necha daqiqadan soʻng amalga oshirsa ham boʻladi.

U hovliga chiqdi. Orqasidan ergashgan xotiniga e’tibor bermay darvoza tomon yurdi. Odatdagidek roʻparasida Jamshid paydo boʻldi.
— Otarchini topib kel. Yerning tagidan boʻlsa ham top, — dedi-da, koʻchaga chiqib mashinaga oʻtirdi.

2

Oʻtirsa ham, tursa ham Elchinning koʻz oldiga oʻljasi kelaverib, uyqusi qochdi. Koʻzlari kirtayib, ogʻir xastalikka uchragan odam kepatasiga tushdi. Qasos yuragiga lazzat emas, azob berajagini u oʻylab ham koʻrmagan edi. Baxtiga Zelixon bor ekan, yolgʻizlatmadi. Yoʻqsa, jinni boʻlib qolishi hech gapmas. Ikki marta Anvar keldi. Togʻasining chordogʻidan nimanidir topganini aytdi. Elchin bu gaplarni eshitadigan ahvolda emas edi — parvo qilmadi. Oʻzi Anvarni bir yoʻqlab bormadi.

Zelixon tongda bir yumush bilan chiqib ketayotganida Elchin deraza yonida xayolga choʻmib turgan edi. Ikki soatdan keyin qaytib kelib qarasa, yana shu ahvolda turibdi.
— E, oshna, juda oshirvording, — dedi u, Elchinning yelkasiga yengil musht tushirib. — Koʻzingni och, erkak! Tvarlarga oʻxshab qolma.

Elchin xazin jilmayib, sherigiga qaradi.
— Bu dunyoda hamma tvar, — dedi.
— Menga qara, senga faylasuflik hecham yarashmaydi. Sen buyuk odamsan, lekin faylasuf emassan, — Zelixon shunday dedi-da, uning belidan quchib, mahkam siqdi. — Sen mishiqi bolasan. Bilib qoʻy, men mishiqilarni yomon koʻraman. Erkakmisan, chotingda bezing bormi, erkakka oʻxshab yur.
— Zeli ogʻa, siz meni tushuna olmaysiz, — dedi Elchin, uning quchogʻidan boʻshagach. — Men unga ezilayotganim yoʻq. Boshqa gap bor.
— Qanaqa gap?
— Sizga aytolmayman.
— Akangdan ham sir yashirasanmi?
— Zeli ogʻa, bu oʻzim bilan yerga kiradigan sir, xafa boʻlmang.
— Anavi tvar bir nima degan boʻlsa, sen ishongandirsan. Bunday qilma. Oʻlim oldidan odam har nima deb valdirayveradi. Zelixon senga doʻst emas, dushman, desa ham ishonarmiding?
— Bu gapni chaynamaylik.
— Oʻzing bilasan. Lekin sen koʻzingni och. Biz Asadbek tashlagan qarmoqqa ilindik. Oʻsha tvarni aynan sen oʻldirishingni istagan edi. Istagi amalga oshdi. Xoʻsh, endi nima qiladi? Sen nima qilasan? Tinchiysanmi?
— Goʻrda tinchiyman men.
— Buni Asadbek biladimi? Biladi. U oʻqilon. Oʻyin endi boshlanadi. Sen piyodalarni sursang, u farzinni ishga soladi. Ikki biqinida fil, ikki yonida toʻra. Sen-chi? Sen faqat asp yurish qilishing kerak. Har bir otning sakkizta yoʻli boʻladi. Buni oʻylayapsanmi? Asadbekning ishi pishiq, vaqtdan yutadi. Senga tseytnot xavf solib turibdi.
— Qoʻrqmayman, menda ham farzin bor, buni hisobdan chiqarmang.

Zelixon Elchinning maqsadini fahmlab, miyigʻida kulib qoʻydi.
— Usta oʻyinchi boshidayoq farzinlarini qurbon berib, almashtirib tashlaydi.
— Men almashtirmayman. Mot boʻlsam ham farzinni qurbonlikka tashlamayman.
— Qara, birov kelyapti.

Hovlida Jamshid koʻrindi, u begonasiramay, atrofga alanglamay xuddi oʻz hovlisiga kirib kelganday toʻgʻri uy tomon yurdi.
— Asadbekning ishonchli odami. Meni bogʻlab ketgan shu edi.
— Oʻzingni bos, sir boy berma. — Zelixon shunday deb tezgina divanga borib oʻtirdi-da, choʻntagidan qarta chiqarib, stol ustiga yoydi. Jamshid kirib salom bergach, Zelixonga xavotir koʻzi bilan qarab qoʻydi.
— O, bratan, salom, — dedi Zelixon oʻrnidan turib. U bir tutam qartani chap qoʻlida yelpigʻich qilib ushlaganicha Jamshidga yaqinlashib, oʻng qoʻlini uzatdi. — Qani, ostonada turmang, kirovring.

Elchin uning salomiga alik ham olmadi. Qoʻl ham uzatmadi. U yolgʻiz boʻlganida Jamshid: «Yuring, Bek akam yoʻqlayaptilar», deb boshlab ketaverardi. Begona odamning oʻtirishi, Elchinning sovuq qarashi uni bir oz sergaklantirdi.
— Qani, kirsangiz-chi? — dedi Zelixon.
— Uy egasi taklif qilmasalar...
— E, uy egasini qoʻyavering. Bugun chap yoni bilan turgan. Yutqizib qoʻyib, alam qilyapti. Qani, bir qoʻl tashlaymizmi?
— Mayli, — Jamshid Elchinga qarab olib, ichkari kirdi.
— Yigirma birmi yo fantomasmi? — deb soʻradi Zelixon.
— Menga baribir, — dedi Jamshid.
— Demak, ustasiga farqi yoʻq ekan, — Zelixon shunday deb choʻntagidan taxi buzilmagan qarta olib Jamshidga uzatdi. — Buzib, chiylang.

Jamshid qartani chaqqonlik bilan aralashtirdi. Uning qoʻli ishda boʻlsa ham, xayoli Elchinda, undan koʻz qirini uzmas edi.
— Koʻn ellikdan, — dedi Jamshid, oʻrtaga ellik soʻmlik tashlab.
— Yaxshi, — dedi Zelixon qoʻllarini bir-biriga ishqab, soʻng choʻntagidan toʻrtta yigirma beshtalik chiqarib, elliktalikning ustiga qoʻydi, — Elligi qorongʻusi. Yurish yuzdan boʻldi.

Jamshid yana ikkita elliktalikni tashladi.
— Oʻzingizga qaytdi, yurish ikki yuzdan.
— Oʻ, bu erkakning oʻyini boʻldi. Shu paytgacha qaerda edingiz, erkak?!

Jamshid uchtadan qarta uzatdi. Zelixon qartalarga bir qarab olib oʻrtaga uchta yuztalik qoʻydi. Jamshid javob qaytardi. Yurish ming soʻmga yetganida Jamshid qartasini tashladi.
— Yutdingiz, akaxon. Endi menga ruxsat. Siz bilan rosa chaqchaqlashadigan xonasi ekan-u, ammo vaqt ziqroq. Akaxonimda ish bor edi. Bir joyga oʻtib kelishimiz kerak.
— Hozirmi? Ie, bu yogʻi necha puldan tushdi? Bir nozik odamni kutib turuvdigu? Juda zarur boʻlsa... Elchin, bratan, men shu yerda kutib turayinmi?
— Shunaqa qiling, ukaxonning sazasi oʻlmasin.

Jamshid, xuddi yangi yil kechasidagi kabi, indamay ketdi. Elchin ham uni gapga tutmadi. Mashinaning orqa oʻrindigʻida oʻtirgan Elchin jingalaksoch bu yigitdan koʻz uzmasdi. Jamshid orqa tomonidagi oʻtkir nigoh ta’qibini sezib, dam-badam koʻzgu orqali unga qarab olardi. «Urib, bogʻlab ketganimning alami bor», deb oʻylardi u. Jamshid Shilimshiqning gaplarini qaydan bilsin. Hozir nigohini qadab oʻtirgan odamning qahrli hukm chiqarayotgani ham unga ma’lum emas. Zelixon «oʻlim oldida valdirayveradi», degani bilan, Shilimshiqning gaplari Elchinga haqiqatday tuyulaveradi. «Bu yigit ham xotinim bilan boʻlgan», deb ishonish, Noilaning xotirasiga balchiq chaplash bilan teng. Ayni paytda, oʻzining gunohini ham bir karra oshiradi. Elchin har qancha gunoh yukini koʻtarishga rozi. Suygan yorining xotirasini bulgʻanishini istamaydi. Lekin u bechora nima qilsin? Haqmi yo nohaqmi — gap aytildi. Birov orqali emas, oʻz qulogʻi bilan eshitdi. «Oʻlim oldidan valdirayveradi, emish... Balki soʻnggi nafasida Xudo insof berib rost soʻzlab ketar?.. Uyimga kelganini bu hayvonning oʻzi ham aytdi-ku? Eng muhimi — kelgan! Ichkariga kirganmi, kirmaganmi — bu bilan ishim yoʻq!» Hukm qat’iy edi. Endi ijro etishgina qoldi.

Shu gapdan soʻng uchovlari ham jim qolishdi. Ularning holiga chetdan qaragan kishi bu motamsaro odamlar birovning ruhini eslab, ezilib oʻtiribdi, deyishi mumkin edi. A’yonlar xoʻjayinlarining fe’lini yaxshi bilishadi. Hozir Asadbekning jahli chiqib, aqli ketgan payt — unga gap aytib ma’qul qilish qiyin. Asadbek esa baqirishga baqirib qoʻyib endi afsuslanadi. Chunki maqsadini aytgani hamono a’yonlarining ajablanishlarini oldindan bilgan edi. Ogʻir-bosiq oʻtirib maslahatlashaman, deb niyat qilgandi, niyatini oʻzi buzdi.
— Haydar, boshqa iloj yoʻq, — dedi Asadbek, endi hazin ovozda.

Kesakpolvon oʻttiz yillik qadrdoniga achinib ketdi. Ular faqat rohat jomini sipqormay, alam-tashvishlar zahrini ham tatib koʻrganlar, noumidlik koʻchalarida sanqigan davrlari ham boʻlgan, ammo u Asadbekni sira bu ezgin holda koʻrmagan.
— Shu qarorga kelgan boʻlsang, oʻylab koʻrgandirsan. Biz nima derdik. Bizga qizing baxtli boʻlsa, oʻzing tinch boʻlsang bas. Ammo aytib qoʻyay, agar...
— Agar-pagari yoʻq.
— Toʻxta, gapimni kesma. Agar u otarchi qizingning baxtini qora qilsa, menga indamaysan, yoʻlimni toʻsmaysan, gapingga kirmasam, xafa boʻlmaysan.
— Haydar akam toʻgʻri gapni aytyaptilar, — dedi Chuvrindi.
— Meni odamlarning fikri qiziqtiryapti. Mahmud, odamlar nima deydi?
— Odamlarmi? — Chuvrindi hozir shuni oʻylab oʻtirgan edi, shu sababli javobni kechiktirmadi. — Ming ogʻizdan ming bir gap chiqadi. Shu paytgacha nima gaplar chiqmadi, bilasiz-ku?
— Shu paytgacha chiqqan gaplar faqat mening oʻzimga tegishli edi.
— Endi chiqadigan gaplarni himmatingizga burib yuboramiz. Azob chekib kelgan san’atchiga himmat koʻrsatib, kuyovlik sarposini yopdi, deymiz. Odamlarni shu fikrga koʻndirish qiyin ish emas.

Mahmud — Chuvrindining bosiq holda ishonch bilan gapirishi Asadbekka dalda boʻldi. Asadbek bu ayoʻnga ishonadi. U shunday dedimi, bas, demak, shunday boʻladi!
— Deputating mulla mingan eshakday boʻlib oʻtiribdi. Gaplashasanmi? — dedi Kesakpolvon, asosiy masala hal etilgach.
— Koʻzimga koʻrinmasin, kim chaqirdi uni, senmi, Mahmud?
— Oʻzi kelibdi, zarur ishi bormish. Gapini eshitib koʻring.
— Chaqir, tezroq gumdon qil. Hozir otarchi kelishi kerak.

Chuvrindi eshikni ochib, Orzubekni imlab chaqirdi. Deputat odatiga xilof ish qilmadi, ostona hatlab gʻudrandi.
— Nima deysan? — dedi Asadbek unga oʻqrayib.
— Shu... roziligimni aytmoqchi edim.

Asadbek uning roziligini anglagan boʻlsa ham, atayin gapni aylantirdi:
— Nimaga rozisan?

Orzubek «meni kalaka qilyaptimi yo esidan chiqqanmi?» deb kalovlandi.
— Buncha dovdiraysan, gapir gapingni, — dedi Asadbek.
— Qizimni soʻragan edingiz... bir aziyat chekkan odamga... shunga maslahatlashdik... Rozimiz.
— Haydar, shunaqa gap boʻluvdimi? E, ha... juhud xotining xoʻp, dedimi?
— Bek aka, bir iltimosim ham bor edi.
— Iltimosmi, shartmi?
— Iltimos... Shu... Yoqubjonov boshqa ishga oʻtibdi. Shuni gaplashib bersangiz... Mening koʻzim uchib turgani yoʻq-ku, oʻzingiz bilasiz, mansab talashadigan odammasman, ammo... koʻpning manfaati uchun kerakmikin?..

Asadbek bu gapni eshitib, unga qattiq tikildi. «Esi joyidami buning, — dedi u oʻzicha. — Meni Xudo deb oʻylaydimi? Yoqubjonovning oʻrniga men odam qoʻyarkanmanmi? Katta olimlar boshqarib kelgan ish boʻlsa... Bu yetim toyloq ilm koʻchasining yonidan oʻtganmi oʻzi? Deputatligi kamlik qilibdimi? Poshsholikka da’vogarligi chin boʻlib qolyapti-ku? Yoqubjonovning oʻrnini egallasa, Oqsaroyga bir qadamgina yoʻl qoladi. Anoyi emas bu toyloq. Qoʻlimdan kelsa ham qoʻymas edim buni...»
— Bu iltimos emas, shart. Qizingni amal kursisiga almashtirmoqchimisan?!
— Unday emas, Bek aka...
— Ovozingni oʻchir, haromi! Meni goʻl deb oʻylayapsanmi?! Hech boʻlmasa koʻngil uchun «kuyov boʻlmish kim oʻzi?» deb soʻrab qoʻy. Sen javobingni qachon aytishing kerak edi? Oʻn kun oʻtdimi, Haydar?
— Safarga ketib qoldim, uzr.
— Ikkinchi qadam bosma bu yerga. Senga aytilgan odam allaqachon uylanib boʻldi. Joʻna!

Orzubek tepki yegan it holiga tushib, orqasiga oʻgirildi.
— Bunchalik xor qilmang-da aka, — dedi Chuvrindi, deputat chiqib ketgach, — bizga asqotib qolishi mumkin.
— Poshsho boʻlgandayam sariq chaqaga olmayman buni. Boʻtqa!

Eshik qiya ochilib, Boʻtqaning basharasi koʻrindi.
— Hozir chiqqan soʻtakning qizi bor.
— Bek aka, unday qilmang, — dedi Chuvrindi.
— Sen aralashma. Qizini bozorga solishning qanaqa boʻlishini bir bilib qoʻysin! Boʻtqa, tushundingmi, aytganimni qil. Otarchi kelmadimi?
— Boʻydoq olib keldi, kutib oʻtiribdi.
— Chaqir, kirsin.

Elchin kirib salom berdi. A’yonlar unga tanish edi. Qamalmasidan ilgari bularga xizmat qilgan, Kesakpolvon kimu Chuvrindi kim — yaxshi bilardi.

Asadbek oʻrnidan turib, bir qadam bosib qoʻlini uzatdi. Bu marhamat uncha-buncha odamga koʻrsatilmas edi. Bu marhamatga erishganlar muborak qoʻl havoda uzoq vaqt muallaq qolmasligi uchun chaqqon kelib, tavof qilar darajada soʻrashar edilar. Elchinga bu ma’lum boʻlsa-da, shoshilmadi. Bitta-bitta bosib kelib, boshqalar kabi qoʻshqoʻllab emas, yosh bolalarga oʻxshab bir qoʻllab soʻrashdi. Uning bu beadabligi a’yonlar e’tiboridan chetda qolmadi. Ular savol nazari bilan Asadbekka qarab olishdi. Asadbek yuzida oʻzgarish sezilmagach, ular ham qadrdonlardek soʻrashishdi. Har- holda «Kuyovni paygʻambarlar siylabdi», degan naql bor.
— Hofiz, olamda bormisiz, yoʻqlamasak yuz soʻmlik pulday koʻrinmasdan yuraverar ekansiz-da, a?
— Sizning ishingiz koʻp, aka, biz esa bekorchi odammiz. Boshingizni ogʻritmay, deyman-da, — dedi Elchin.
— Sizday mehribon ukaxonlardan yana ikkitagina boʻlsa jannatda yurganday rohat qilib yasharkanmiz, — dedi Asadbek, — Haydar, hofizning ashulalari esingdami? Eshitib naq erib ketardik-a? «Qaro koʻzim»ni qiyvoradi-ya! «Qaro koʻzim, kel endi, mardumligʻni fan qilgʻil»midi? Bu «kel, endi sen ham odam boʻlgin», degani ekan-da, a?
— Ha, shunaqaroq, — dedi Elchin, Asadbekning pichinglarini oʻzicha talqin qilib.
— Nimaga yoʻqlaganimizni bilarsiz-a, hofiz?
— Hayronman.
— Hayron boʻlmang. Shilimshiqni oʻldirishingizni bilardim-u, ammo bunaqa vahshiylik qilasiz, deb oʻylamovdim. Sizdek nozikta’b odam...
— Tushunmadim, Shilimshigʻingiz kim?
— Oʻzingni ovsarlikka solma. Kambagʻalni siylasang, chorigʻi bilan toʻrga chiqarkan. Sen xumoringni bosarsan, deb men uni asradim. Oshni men pishirdim. Suzdim, hatto oshatdim. Siz, ogʻaynichalish, faqat chaynab yutdingiz. Endi nafsingiz orom olgandir, a?

Elchin istehzo bilan kulib qoʻydi.
— Qorni och odam bir osham oshga qanoat qilarmikin?
— Jon shirin boʻlsa — qanoat qiladi. — Asadbek shunday deb a’yonlariga qarab oldi. Ular bosh irgʻab, tasdiq ishorasini qilishdi.
— Jon shirin... — dedi Elchin istehzoli jilmayish bilan.

Jondan toʻygan boltadan qaytmas ekan. Aslida Elchin uchun jonning shirinligi qolmagan. Kim bilan olishayotganini, oqibati nima boʻlishini biladi. Oʻligi qaysi bir ovloqda yoki qaysi bir suv ostida chiriydimi yo kafanlanib koʻmilish nasib etadimi — shugina qorongʻi unga. Asadbek uni goʻl baliq fahmlab, oʻlimtik chuvalchangli qarmoqni tashladi. Qarmoqqa ilintirdim, deb oʻylayapti. Asadbek ishning koʻzini biladi. Lekin Zelixon bekorga akademik deyilmaydi — bunisi ham bor. Shilimshiq masalasida Asadbekning hisobi xomroq, Zelixonniki aniqroq boʻldi. Asadbek Elchinning oʻtkir zehnli maslahatchisi, mard homiysi borligini hisobga olmagan edi. Zelixon bilan Elchin esa barchasini hisob-kitob qilib qoʻyishgan. Asadbekning odamlari Shilimshiqni kuzatajagini bilgani uchun ham Zelixon oʻzini panaga oldi. Shilimshiqning ahvoli milisadan avval Asadbekka ma’lum boʻlajagini ham taxmin qilib, yanglishishmadi. Endi nima qilmoqchi, nima demoqchi — shunisi qorongʻiroq. Elchin Asadbek bilan piching toshlari otib oʻynashish xatarli ekanini bilib, yon bosganday boʻldi. «Jon shirin», deb tan olishi shundan.
— Sen «bir oʻzimman», deb qasam ichuvding, — dedi Asadbek.
— Ha, bir oʻzimman, — dedi Elchin xotirjam.
— Borib katta xolangning erini laqillatasan. Armanimi, kim u yigitlar?
— Ha, ularmi?..— Elchin uzoq tanishlarini eslab qolganday jilmaydi. — Oʻzim ham aniq bilmayman. Pulga yollovdim. Pulni ola solib joʻnavorishgan. Qayoqdaligi noma’lum.
— Men senga ularni topib ber, deyayotganim yoʻq. Sen odamim yoʻq, deb qasam ichding. Men senga begona millatdan odam aralashtirma, dedim. Sen hajiqizning ishini qilding. Sen mard boʻlsang, meni oʻz qoʻling bilan oʻldir. Qayoqdagi haromilarni boshlab kelma. Qimorda gʻirromni yomon koʻrishimni bilasan-a? Hayot ham bir qimor. Eplasang — oʻyna. Eplamasang — chetga chiq. Sen eplay olmas ekansan. Qimorning oʻz qonun-qoidasi, nozikliklari bor, a? Sen qoʻlingda tuz boʻlsa bosar-tusaringni bilmay qolarding. Bu oʻyinda ham shu holga tushding. Qoʻy, uka, sen endi bu oʻyinlardan uzoqroq yuraver.

Asadbekning birdan muloyimlashishi Elchinni ajablantirdi.
— Sen bu oʻyinda ikkita xatoga yoʻl qoʻyding. Birinchisi — akademikni «tuz» deb bilding.
— Qaysi akademik? — Elchin oʻzini goʻllikka solmoqchi boʻldi.
— Hofiz, Zelixon Xangreev kimligini bilmasam yurgan ekanman-da «oʻqilonman», de-eb kerilib. Haddingdan oshma, bola. Har ishning oʻz hadisi boʻladi. Akademik — oʻgʻri. Oʻgʻrilikda unga teng keladiganini topish qiyin. U ahmoq, nimaga bunaqa ishlarga aralashib yuribdi, hayronman. Oshnang qaerni moʻl qadam bosishini men bilaman. Oʻsha yerni istasam, supurib tozalab qoʻyaman, istasam, choʻgʻ tashlab oyogʻini kuydiraman. Aytib qoʻy unga, men bilan hazillashmasin. Chiqqan joyiga qaytib kirgʻizvoraman xuddi...
— Zeli ogʻa menga u yoqda koʻp yordam berdi, — dedi Elchin, — biz aka-ukaday boʻlib qolganmiz. Uning bu ishlarga aloqasi yoʻq. Aloqasi boʻlganida ham shart buzilmas edi. U shu yerlarda oʻsib-ulgʻaygan, musulmon farzandi.
— Buning menga ahamiyati yoʻq. Endi ikkinchi xatoingni aytaymi? Sen hech bir ishni pinhona qilolmaysan. Qiyshiq barmoqlaring qorongʻida ham pand beradi.

Bu gapdan keyin Elchinning badaniga muz yugurdi. «Demak, qizi masalasida tamom qoʻlga tushibman...»
— Senga uylan, devdim, a? Ha, uylan, ota oʻrnida ota boʻlib toʻyingni oʻtkazib beray.

4

Asadbek shu gapi bilan suhbatga yakun yasadi...

Elchinni tashqarida Jamshid kutib turar edi.

«Ota oʻrnida ota boʻlib toʻyingni oʻtkazib beray... Seni kuyov qilaman, deganimi bu? — deb oʻyladi Elchin. — Qiziga kim teginganini endi aniq bilibdi. Shunga qaramay, yumshoq gapirdi. Men u uchun kimman? Istasa, qiymalab tashlab xumordan chiqishi mumkin-ku? Nima uchun gunohimni kechdi? Qizidan oʻn toʻrt yosh katta boʻlsam... Bu yoqda qamoq...»

Elchin savollarga javob topishga qodir emasdi. U qiz voqeasidan soʻng «menga bermay kimga berardi», deb oʻylagan, keyinroq esa bu fikri xom ekaniga amin boʻlib edi. Aslida maqsad — oʻch olish. Asadbekday odamga nomus azobi nima ekanini bildirib qoʻyish edi. «Kuyov boʻlsam-chi?» degan oʻtkinchi oʻyga farishtalar omin deb yuborishini kim bilib oʻtiribdi? Elchin Asadbekni qahri qattiq, kunda bir chelak inson qoni ichadigan odam sifatida bilmasa ham, harholda unga-da inson yuragini bergan, u ham bandasining tuygʻularidan bebahra emas, degan tushunchalardan yiroq edi. Qizi taqdirini oʻylab, necha tunni bedor oʻtkazgani ham u uchun noma’lum. To oʻlguniga qadar bu sir unga oshkor boʻlmaydi.

Asadbekning qarori Zelixonni ham gangitib qoʻydi. Osmonga ustun boʻlay, deb turgan odamning farzandini nomusli qiz sifatida oʻz tengiga uzatishga qurbi yetmas ekanmi? Nima uchun shunday qilmadi? Nomussizlikdan qoʻrqdimi? Qanchadan-qancha buzilgan qizlar nikoh kechasining nomus imtihonidan a’lo darajada oʻtayotganlarida Asadbekning qizi qoqilar ekanmi? Shunday doʻxtirlar borki, kerak boʻlsa oʻnta tuqqan ayolni ham onasi oʻpmagan qizga aylantirib qoʻyadi. Shunday zamonda, shunday qudrat sohibi boʻlmish Asadbekning qadam bosishi ularni hayrat toʻrlariga oʻrab tashladi.
— Asadbek senga shans beryapti, — dedi Zelixon, oʻylarini bir yerga jamlashga harakat qilib. — Undan foydalanmasang, oyoq ostida oʻralashib yurgan ahmoqlardan farqing qolmaydi. Agar uylanmasang...
— Oʻldiradimi?
— Balki oʻldirtirar. Senigina oʻldirsa mayli edi, bu yoqda men ham borman. Lekin men bunaqa oʻlishni xohlamayman, bilib qoʻy. Sen Asadbekning kaftida turibsan. Istasa, senga bir burda non beradi, istasa, goʻshtingni itlarga tashlaydi. Sening goʻshtingni yegan it harom oʻlsa kerak, shuning uchun itlarga rahm qilginu bergan bir burda nonini olib yeb, unga rahmat ayt.

Zelixon vaziyatni yumshatish uchun gapni hazilga burdi. Elchin uning maqsadini anglab, oʻzini majbur qilib jilmaydi.
— Rahmat aytaman, agar chindan ham qizini menga bersa, mushkulimni ancha oson qilgan boʻladi.
— Yana qanaqangi mushkuling bor? Sen qasos olding. Erkaklik burchingni bajarding. Armoning ham, mushkuling ham yoʻq endi. Gumonlarni yigʻishtirib tashla, odamga oʻxshab yashayver.
— Odamga oʻxshab yashab boʻlarkanmi hozir? — Elchin ovozini bir parda koʻtardi. Zelixonning oʻgitidagi falsafa unga yoqmadi. — Atrofni shoqolu tulkilar bosib yotsa, kim odamga oʻxshab yashay oladi? — U oʻrtaga savol tashladi-yu, javob kutmay soʻzini davom ettirdi. — Arslonlar ichida yashasam ham alam qilmasdi. Arslonlar qirilib ketgan, shunisiga dogʻman.
— Shoqollar orasida tulki boʻlib yashamoqchimisan? Tulkilarni tulki boʻlib, shoqollarni shoqol boʻlib qirmoqchimisan? Sen shunchalar befahmmisan? Bilib qoʻy: shoqolu tulkilar bizdan avval ham boʻlgan, bizdan keyin ham qoladi. Ularni hech kim qirib tashlay olmaydi. Bu birinchi masala. Ikkinchi masala shuki, men olim emasman. Men bir oʻgʻriman. Hayot haqidagi mening falsafam boshqa, seniki boshqa, Asadbekniki boshqa. Dunyoda tirik zot borki, hammasi hayotdan alamzada. Hamma alam bilan yuradi. Ba’zilar bu alamini ichiga yutib sabr qilib yashaydi. Ba’zilar alamga qul boʻlib, koʻzlari koʻr boʻlib qoladi. Hech narsani koʻrmaydi. Oyogʻi ostiga qopqon koʻyilganini, toʻgʻri yoʻldan ketyaptimi yo jarga boryaptimi — bilmaydi. Bu nodonlarning qismati bitta. Sen nodon emassan shekilli?
— Dono odamlarga oʻxshab yashashim kerakmi? Toʻyguncha uxlab, toʻyguncha ovqat yeb, toʻyguncha ishrat qilib, toʻyguncha amal talashib...
— Senga amalning nima keragi bor? Senga madaniyat ministri boʻlgin, deyayotganim yoʻq-ku? Odamlar seni yaxshi koʻrishadi. Ashulangni aytib, ularni xursand qilib yuraver.

«Oʻn besh yil oldin shunday edim. Ashulamni aytardim, dasta-dasta pullarni ishlardim. Yettinchi osmonda suzib yurardim. Bu qiligʻim Xudoga yoqmadi shekilli, yoʻlimni burib yubordi. Xoʻsh, shuncha azobli yoʻlni bosib oʻtib, yana izimga qaytaymi?

Yana ashula, yana shuhrat, yana pulmi? Yana qorin bandasi boʻlib yashaymi?» Elchin xayolida shu gaplar tugʻildi-yu, ammo tiliga koʻchmadi. Zelixon bilan bu mavzuda koʻp bahslashishgan. Umrning turli soʻqmoqlarida yurgan odamlarning hayot haqidagi tushunchalari, falsafalari bir xil boʻlishi qiyin. Shunday ekan, bahsda bir tomonning gʻolib kelishi mumkin emas. Zelixon hayot bilimdoni sifatida Elchinga nasihat qilaveradi. Ammo u, Asadbek aytmoqchi, faqat oʻz kasbining akademigi. Hayotda har bir odam oʻzicha akademik. Har bir odam oʻzicha haq. Har kim hayotdan oʻzicha saboq oladi.

Zelixon Elchinning jim boʻlib qolganini koʻrib, «gapim ta’sir qilib, sal otdan tushdi shekilli?», deb oʻyladi.
— Avval chaqirtirganida sendan gumon qilgan edi, bu safar aniq ishlabdi. Senligingni qaerdan bilibdi? — dedi Zelixon gapni boshqa yoqqa burib.

Elchin oʻng kaftini, jimjilogʻi tomonga ogʻib turgan barmoqlarini koʻrsatdi.
— Oʻzim ham oʻylovdim. Sen bilan bir ish qilib boʻlmaydi, oshna. Seni tutish uchun ekspertizaning ham hojati yoʻq.

Asadbekning qizi oʻgʻirlanganda Zelixon Elchinni ogohlantirib, oʻng qoʻlingni ishga solma, devdi. Qiz tipirchilab yotganida bu oʻgit esga kelarmidi?..
— Amma-xolalaringni bugunoq yubor. Paysalga solma. Men uch-toʻrt kunga Fargʻonaga borib kelishim kerak. Maslahatlaring pishguncha qaytarman.

Zelixon safardan maqsadi nima ekanini aytmadi. Elchin ham soʻramadi. Chunki Zelixonning bolaligi oʻtgan joylarni qoʻmsab, borib turishini u yaxshi bilardi. Zelixonni bu safar faqat bolalik xotiralari yoki katta oʻgʻirlik rejasi emas, jiddiy tashvish chorlayotgani unga ma’lum emasdi.

5

Asadbek xotiniga maqsadini ayon qilmagan edi. Shu sababli sovchilarning kirib kelishi Manzurani shoshirib qoʻydi. Hovlida ikki notanish juvonning paydo boʻlishidan avvaliga koʻngli ravshanlashdi. Ona koʻngli sezgir boʻladi. Qizining boʻyi yetgach, darvozadan moʻralovchi begona ayol maqsadini darrov fahmlaydi. Bu tashrif oqibati nima bilan tugashini bilsa-da, baribir koʻngli ravshanlashdi.

Juvonlar «sendan qolsam qulogʻimni kesaman», deb bas boylaganday, biri-biridan boʻliqroq edi. Ular shaharga dongʻi ketgan odamning xotini duru gavharlarga koʻmilib yashaydigan malika deb oʻylashganmi, ustida odmigina qora duxoba nimcha, oyogʻida mahsi-kalish boʻlgan Manzurani choʻri gumon qilib, hovlida turib qolishdi.
— Kiraveringlar, tortinmanglar, ovsin, — dedi Manzura.
— Egachim yoʻqmidilar? — deb soʻradi juvonlardan biri.
— Kimni aytyapsiz? — dedi Manzura, «bular adashib kirib qolishmadimi», degan xayolda.
— Asadbek akamning xotinlari, — dedi juvon unga oʻgʻrincha tikilib.
— Menman, ovsin, — dedi Manzura.
— Voy, aylanay sizdan, egachi, tanimabmiza. Keling, boshqatdan koʻrishaylik. Esonmisiz, omonmisiz... Biz oʻgʻirlikka keluvdig-a...

Manzura kulimsirab, ularni uyga boshladi.

Kuyovlikka da’vogarning kimligini bilib, Manzuraning esi ogʻib qolayozdi. Elchin «bor gapni yashirmay, darrov aytinglar», deb sovchilarga tayinlagan, ular bu amrni ogʻishmay ado etgan edilar. Manzura qizining boshiga ogʻir savdo tushgandan keyin xotinini soʻyib qoʻyib qamalib chiqqan otarchiga berarman, deb oʻylamagan edi. Garchi sovchilar «xotinini oʻzi soʻymagan, tuhmat boʻlgan» deb ishontirishga urinishsa ham, Manzuraning rangi oqarib, badani muzlab ketdi. U sovchilarga choy quyib uzatib, hovliga chiqdi-da, boloxonadagi yigitlarga «akangizni tez topinglar», deb buyurdi. Dam oʻtmay dahlizdagi telefon jiringladi.

Asadbek xotinining gaplarini xotirjam eshitdi. Manzura erining achchiqlanishini, «haydab chiqar», deb baqirib berishini juda-juda istagan edi. Afsuslarkim, kutgani roʻy bermay, eri bosiqlik bilan:
— Joyi chiqqan boʻlsa, uzatish kerak, — degani uning aqlini shoshirib qoʻydi. Bir damning oʻzida xayol uni ming bir koʻchaga olib kirdi. Nihoyat, erining maqsadini anglaganday boʻldi-da, «Voy shoʻrim, endi nima qilaman!» deb pichirlab, hovliga chiqdi. Sovchilar oʻtirgan uyga kirmoqqa yuragi betlamadi. Oshxonaga qarab yurdi. Qozonda shoʻrva bilqillab qaynayapti. Choynakning joʻmragi bugʻ ufuradi. U beixtiyor qoʻliga choʻmich olib, yarim kosa shoʻrva suzdi. Keyin choʻmichni qozonga tashlab, yana tashqariga chiqdi. Deraza osha tashqariga qarab oʻtirgan sovchilarning biri uning harakatini kuzatib, «bir nimasini yoʻqotib qoʻyib gangib qoldi, boyaqish», deb oʻyladi. Manzura bu onda biron buyumni emas, yuragi toʻrida oʻn sakkiz yil avaylab asragan orzusini, umidini yoʻqotgan edi. Buyumni yoʻqotsa, topilardi, juda topilmasa «bosh-koʻzimdan sadaqa», deb qoʻyardi. Orzu-umidi-chi, endi uni topadimi, topolmasa uni ham sadaqa qilib yuborish mumkinmi?..

Manzura bir qarorga kelib, yana oshxonaga qaytdi. Uchta kosaga shoʻrva quyib patnisga qoʻydi-da, chaqqonlik bilan koʻtarib, mehmonxona tomon yurdi.

Bir yoʻnalishda yuradigan avtobus haydovchisi xayolga berilsa ham, kerakli joyda beixtiyor ravishda burilaveradi. Shunga oʻxshab oshxona — mehmonxona yoʻnalishida qatnayvergan Manzura xayoli band boʻlsa-da, vazifasini aniq bajardi. Juvonlar shoʻrvani maqtab-maqtab ichib boʻlishgach, javob kutib unga qarashdi. Asadbek rozilik bildirgan boʻlsa ham Manzura darrov xoʻp deya olmas edi. Gulday qiziga bir otarchidan sovchi keladiyu darrovgina rozilik berib yuboradimi? Ayrim joylarga sovchilar kelaverib kavushlari titilib ketadi. Lekin... ayrim joylardagi qizlar boshqa... uning qizi boshqa. Bu sovchilar buni bilishadi. Bilganlari uchun ham tortinmay, choʻchimay kirib kelishdimi?
— Endi... adamiz bilan maslahatlashaylik... Qizimiz yosh... Hali oʻqiydi... — dedi Manzura chaynalib.
— Voy, egachi, maslahatsiz boʻlarkanmi bu ish. Siz maslahatlashing, yoshlar bir-birini koʻrsin, yoqtirsin. Xudo xohlasa, yulduzi yulduziga toʻgʻri kelib qolsa, bu yogʻi toʻy-da!
— Qaydam... hali tayyorgarligimiz ham yoʻq.

Ikki mamlakat muammolarini hal etish uchun yigʻilgan diplomatlarning salomlashishidan tortib, xayrlashuviga qadar, muomalalari, kulimsirashlaridan tortib qosh chimirishlarigacha boʻlgan harakatlari aniq ishlab chiqiladi. Xuddi shunga oʻxshash, sovchilik marosimi ham yuz, balki ming yillar davomida bir qolipga tushgan. Xotinlar oʻzlarini qanday tutishni, nima deyishni yaxshi bilishadi. Mana hozir Manzura: «Hali tayyorgarligimiz ham yoʻq», dedi. Bu — qizimizni uzatishga rozimiz, ammo siz aytganday ertaga emas, balki indinga, degani. Boʻlmasa bu xonadon uchun toʻy nima ekan. Ertalab ishga kirishilib, oqshomda toʻy boshlash qoʻlidan kelmaydimi? Lekin qizi bor odam noz qilmasa «diplomatiya» qonun-qoidalari buziladi.

Sovchilar uy sohibasining koʻnglini koʻtaradigan bir-ikki gaplarni aytib, lutf koʻrgazib, oʻrinlaridan jilishdi. Juvonlar bir oz xijolat chekkach, bir oz noz qilgan boʻlib, qogʻoz xaltani olishdi. Bu ham diplomatiyaning bir qoidasi — rozilik alomatiga ishora. Ertaga bu juvonlar tugun koʻtarib kelishadi. Manzura patir nonlarni olib qoladi. Oqshomda erkaklar kelishadi. Qarabsizki, qish oxirlamay turib toʻy!

XII bob

1

Anvar katta togʻasinikiga borganda osmon erinmay qor elardi. Qish dangasalik qilib vaqt oʻtkazgan, doʻppi tor kelganda tipirchilab qolgan odamga oʻxshardi. Anvar tob tashlagan koʻk darvozaga yaqinlashib jingʻiroq tugmasini bosaman, deganida darvozaning bir tabaqasi yer chizib ochilib, avval qulogʻi kesilgan bahaybat it koʻrindi. It: «Sen ham odammisan, vovullashimga arziysanmi, yoʻqmi», deganday Anvarga bir qarab oldi. Ortidan togʻavachchasi koʻrindi. Ellikdan oshgan bu odamga vaqti kelib «bu dunyoda nima koʻrding?» degan savol berilsa, boqqan itlarining nasliyu nomini adashmay aytib berishi tayin. Qaysi bolasining qaerda oʻqishi yoki qaerda ishlashini esa, aniq bilmaydi. Bola-chaqasining rizqi qiyilib, qora qozon qaynamay qolsa qolarki, itlar goʻshtsiz och qolmas. Itni odamga vafodor deb naql qilganlar. Xudo shundayin bandani yaratganini bilganlarida edi, odam itga vafodor, deb naqlga tuzatish kiritar edilar.

Boshiga qoraqoʻl telpak, oyogʻiga kirza etik, egniga askar bolalarning paxtalik toʻnini kiygan togʻavachchasi Anvarni koʻrib, kulimsirab soʻrashdi
— Ammam yaxshimilar? Ke, ja koʻrinmay ketding. San ichkariga kirib tur, buni bi-ir aylantirib kelmasam boʻlmaydi.
— Zoʻr-ku, — dedi Anvar itga qarab.
— Shu yakshanbada Qambar hoʻkizning itiga qoʻyaman. Bir chiqsang-chi, hadeb kitob oʻquvrib miyang suyulib ketadi. Tomoshani koʻrsang, koʻngling yayraydi.

Anvar bir marta chiqqan, «tamoshani» koʻrgan, ammo koʻngli ezilib, oʻn kuncha oʻziga kela olmagan. Bir-birining jagʻini tishlab, siltab tortayotgan itlarning qonli basharalari, gʻajib tashlangan oyoqlari, bu manzarani zavq bilan tamosha qilayotgan odamlarning qiyofalari koʻz oldidan ketmay, qiynalib yurdi.
— Tomda togʻamning eski kitoblari bor ekan, shuni koʻrmoqchi boʻlib keluvdim.
— Tomda kitob borakanmi? Chiqib oʻzing qariy qol. Uyda kennaying bor. Narvonni qoʻyib chiqaver. Eski kitob kerak boʻlsa Shamsi soʻtaknikiga borsang boʻlarkan. Shamsi soʻtakning Fozil qiyshiq degan otasi boʻlardi. Fozil qiyshiqning otasini Nozim parang deyisharkan. Oʻshaning eski shahardagi uyi buzilibdi. Qoʻshsinchning orasidan kitoblar chiqqanmish. Hamma tilla berkitsa, parang kitob berkitgan ekan, — u shunday deb kuldi-da, itini yetaklab ketdi.

Balandligi salkam odam boʻyi keladigan chordoq loʻlining xurjunini eslatardi. Qirqilgan shoxlar, eski obkash, radio... nimaiki narsa keraksiz tuyulgan boʻlsa, olib chiqib qoʻyilaverilgan. Bu chang bosib yotgan buyumlar changalzoriga yaqin yillarda odam bolasi qadam qoʻymagani bilinib turadi. Anvar nima uchundir «kitob yo qutida yo jomadondan boʻladi», deb xayol qildi. Chordoqda quti ham, eski jomadon ham yoʻq edi. Chordoqni bir chekkadan titishga majbur boʻldi. Kitob yaxshilab berkitilgan, deyish mumkinmas. Chunki uy oltmishinchi yillarda qurilgan, u paytlarda qoʻrqib kitob yashirishga hojat yoʻq edi. Agar oʻsha kitob mavjud boʻlsa, uni togʻasining oʻlimidan soʻng, keraksiz matoh sifatida olib chiqib tashlashgan.

Gaz kelgandan keyin xizmatini ado etib boʻlib, nuray boshlagan moʻri yonida uyilib yotgan latta-luttalar orasidan kitoblar, gazit-joʻrnal boylamlari, allaqancha qogʻozlar chiqdi. Ularni pastga olib tushib, changini qoqib taxlay boshladi. Gazit-joʻrnallarning aksari yigirmanchi yillarda chiqqan, uqalanib ketgan qogʻozlariga qaraganda unda arab harflarida yozilgan gaplar tarixi yanada uzoqroq.

Anvar ularni bir tugun qilib uyiga olib ketib, bafurja tanishish niyatida edi. Ammo qiziqishi niyatidan ustun kelib, ichi qizib, varaqlardan birini olib, harfni harfga urishtirib oʻqimoqqa kirishdi:

«Shundan bilmoq kerakki, butun Turkiston xalqi ittifoq etsa, qon toʻkilmas. Yer va amlok ham taqsim boʻlmay qolur. Din ham ruvoj topur. Ming karra dodu bedodki, ixtilof etmoq uchun ittifoq etkanmiz va ixtilofmiz. Sababi ila badbaxtliqgʻa duchor boʻlurmiz. Butun Turkiston ittifoq etsa oʻn besh millunlik bir quvat imlogʻa kelurki, munga yer titraydur...»

«Buncha aqlli gaplarni kim yozgan ekan, — deb oʻyladi Anvar. — Bir-birining goʻshtini yeb turgan odamlarga yetkazadigan dur fikrlar shu ovloqda necha yildan beri chang bosib yotibdimi?»

«Turkiston kerakkim muxtoriyat boʻlsun, muhokama shariyalar barpo boʻlsun. Hatti bular bora askar olinsun. Daf’a askar olinmoqgʻa qaror berilurdi. Ammo mullalar s’ezdi Turkistondan askar olinmoqgʻa qaror beribdur, deb ilmodan balki ba’zilar norozi boʻlur deb boshqa s’ezdga muquf qoʻyildi...»

Anvar mazmunni durust anglamay, satrlarni qayta oʻqidi. «Ilmo s’ezdi nima ekan?» deb ajablanib turganida xayolini yangasining ovozi boʻldi:
— Anvarjon, sovuqda turmay, uyga kiraqoling.
— Rahmat, kennoyi, chang-pangini qoqib olay, — Anvar shunday deb boshini qogʻozdan koʻtarib yangasi yonidagi uzun boʻyli yigitchani koʻrdi. Yigitcha — shu xonadonning toʻngʻichi, togʻasining nabirasi edi. Togʻasining oʻlimidan soʻng bu uyga kam kelgani uchun Anvar bu yigitchaning qanday odam ekanini yaxshi bilmasdi. Toʻy-ma’rakalarda bir-ikki almoyi-aljoyi gaplarini eshitib, ensasi qotgani uchun unga roʻyxush bermas edi.

Onasi yonida tirjayib turgan yigitcha xuddi Anvar bilan birga yotib, birga turganday salom ham bermasdan gap qotdi:
— Makulatura kerak boʻlib qolibdi-da, a?

Anvarning ensasi qotdi-yu, indamadi. Yanga iziga qaytgach, bu xonadonning toʻngʻichi choʻntagidan sigaret chiqarib, tutatdi. Anvar bu balodan tezroq qutulish uchun ishni tezlashtirdi. Bunga fahmi yetmagan yigitcha esa kechasi bilan televizor koʻrganini, sessiyada qaysi deputat qaysisini «tuzlaganini» bir chetdan gapiraverdi. «Bunga it urishtirishni tamosha qilish ham, sessiya koʻrish ham baribir», deb oʻyladi Anvar.

Ishni oxiriga yetkazishga Anvarning toqati yetmadi. Yangasidan eski dasturxon soʻrab olib, chordoqdan topganlarini tugdi-da, orqalab koʻchaga chiqdi. Qoʻnalgʻaga yetay deganda togʻavachchasiga duch keldi. Togʻavachchasi itini daraxtga bogʻlab qoʻyib, oʻzi qora choponli bir odam bilan gaplashib turgan edi.
— Ha, topdingmi? — dedi u, Anvar yaqinlashgach.
— Topganga oʻxshayman, — dedi Anvar, — uyga borib qarab chiqaman.
— Ishing bitgan boʻlsa boʻpti-da. Shamsi, bu yigit bizning jiyan boʻladi. Oʻzi olim. Katta idorada olimlik qiladi. Miyasi gʻij-gʻij ilm. Shunda ham tinmay oʻqiydi. Otamdan qolgan kitoblarni soʻrab kelibdi. Kitoblaringni sen nima qilding?

Shamsi deganlari, ogʻzida nosi bor ekan, tupurib, labini yengiga artdi-da, qoʻl siltadi.
— E, arzimaydigan kitoblar ekan. Choʻlpon deyishdimi-ey, yana allakimlar, deyishdi. Otlari esimda yoʻq. Shayxontovurda bir idora bor ekan, eski kitoblarni sotib oladigan. Manga arzimagan pul berishdi. Eskicha kitoblarga koʻproq toʻlasharkan.
— Dodang ham parangman, deb yuravurgan ekanda, a? Tokchaning orasiga tilla-pilla qoʻyib, keyin suvavormaydimi! — deb kuldi togʻavachchasi.
— E, kitob jinnisi boʻlgan ekanlar. Bunaqa odamda tilla nima qiladi?

Anvar bu suhbatdoshlardan tezroq qutulish uchun oʻziga keraklisini kutmay, boshqa tomonga boruvchi avtobusga chiqib joʻnavordi.

2

U hovliga tugunni orqalab kirganida roʻparadagi uy eshigi ochilib Sobitxon qori chiqib keldi. Soʻngra eshik ogʻzida Risolat kampir koʻrindi. U oʻgʻlining kelganini bilmay qoriga:
— Oʻzi bilmasin, a? — deb tayinladi.
— Xoʻp, — dedi qori kulib, soʻng kampir sirni oshkor qilib qoʻymasin, deb qoʻshib qoʻydi: — Ana, Anvarjon kelyaptilar.
— Keldingmi, bolam, — dedi Risolat kampir ostona hatlab, — akang eson-omon ekanmi?

Anvar qori bilan salomlashgach, onasiga javob berdi:
— Urugʻlaringiz sogʻinib-sogʻinib salom aytishdi. Jiyaningiz itidan ortsa, ammajonini koʻrgani albatta kelarkan. Oyogʻiga poyandoz tayyorlab turing.
— Boʻldi qil, eski paxtani chuvima. Iti sani arpangni xom oʻryaptimi, nima ishing bor. Qori bolam, bunga bi-ir nasihat qilib qoʻying, a?

Sobitxon qori oʻziga yarashgan kulimsirash bilan «xoʻp» deb qoʻydi. Anvar taklif etgan «bir piyola choyga» kirishga unamadi. Zarur ishlari borligini aytib darvoza tomon yoʻnaldi.
— Qori aka, shoshib turgan boʻlsangiz ham bir nafas vaqtingizni olaman, — Anvar shunday deb tugunni ochdi-da, boya ajratib qoʻygan qogʻozni oldi. — Mana bu yerga nima yozilgan. Xato oʻqidimmi yo xato yozilganmi? Sobit qori satrlarga uzoq tikilib qoldi.
— Siz nima deb oʻqidingiz?
— «Ilmo s’ezdi» deb.
— Ilmo?.. — Sobitqori harflarga uzoq tikildi. — «Ulamo» emasmikin?

Anvar peshonasiga yengil shapatiladi.
— Toʻppa-toʻgʻri — ulamo! «Ulamo» jamiyati boʻlgan-ku?! Oʻshalarning s’ezdi-da! Men ahmoq shuni oʻylamabman.
— Xijolat chekmang, Anvarjon, bu hammamizning fojiamiz.

Qori shunday deb, koʻchaga qarab yurdi.
— Oyimning dardlari bor shekilli? — dedi Anvar, uni kuzatib chiqib.
— Oʻzingizga ma’lumdir. Agar ixlosingiz boʻlsa, bu ishni qilish kerak. Ixlos boʻlmasa foydasi yoʻq.
— Qori aka, ixlos-ku bor-a, ammo hojat yoʻq. Es-hushim, Xudoga shukr, joyida. Yo siz ham?..
— Asti-asti, unday oʻylamang, Anvarjon.
— Men boshqacharoq oʻylab, boshqacharoq gapiraman, shekilli. Hamma bir xil oʻylab, bir xil gapirishi shart emas-ku, toʻgʻrimi?
— Toʻgʻri, Olloh taboraka va taolo bandalarini bu dunyoda sinash uchun turlicha qilib yaratgan. Faqat qiyomatda jannatga kirilganda barcha bir koʻrinishda boʻladi. Chiroyda Yusuf alayhissalom, gavdada Dovud alayhissalom, odobda esa paygʻambarimiz Muhammad salolloxu alayhi vassalam singari boʻladilar.

Shu payt ikki eshik narida, Sobitxonning uyi oldida «Volga» toʻxtab, undan bir yigit tushdi. U avval eshikka qarab qadam tashladi. Qorini koʻrgach esa, bu tomonga yurdi.
— Qori aka, olib ketgani keldim, — dedi u, salom bergach, qoʻlini qovushtirib.

Qori xayrlashib ketdi.

Anvar hovliga qaytgach, olib kelgan kitob-qogʻozlarning changini yana bir qoqqan boʻldi-da, uyga kirdi. Tugunda bitta charm muqovali, bitta qalin qogʻoz muqovali kitob bor edi. Kitob bosma harflarda emas, qoʻlda husnixat bilan koʻchirilgan, ammo sharq kitoboti san’ati qoidasiga zid ravishda sahifalarga zeb berilmagan edi. Charm muqovali kitobda diniy aqidalar zikr etilgan ekan. Anvar uni qoʻyib qalin qogʻoz muqovalisini qoʻliga oldi. Bu kitob chekkada qolib, chirib titilganmi yo atayin yirtib olinganmi, harholda bosh qismi yoʻq edi. Dastlabki satrlarni oʻqiboq Anvarning yuragi hapriqib ketdi: bu oʻsha, Zunnuniy aytgan asar edi!

«...Yogʻiy Toshkanga mukammal sipohi ila Kalas tomondin ya’juz-ma’juz kabi yopirildi. Ayturlarki, qadimda Chingis lashkarlari-da bu kabi yovuzlik ila kirmaganlar va siboʻmonand boʻlmagan edilar.

Eski joʻvada qiyomat sodir boʻlub, oʻrus askarlarigʻa qiron yetkurildi. Inson qoni toʻkulmagan na bir koʻcha qoldi, na bir xonadon. Jihodga kirgan Toshkan ahli «biz oʻlsak-da, oʻlayluk, dinimiz bulgʻanmasun, musulmon tufrogʻi kofirlar oyogʻu ostida aziyat chekmasun, farzandi komillarimizning «Allohu akbar!» deb chiquvchi tillari kesilmasun», deb aziz jonlarini qurbon bera berdilarkim, ularga uqob ham havas qilgulik edi. Bu qadar qarshilikni koʻrmagan yogʻiy figʻoni falakni tutti. Barcha yerlarda ham shunchalar zarba berilganida erdi, yogʻiy furudastlikka mahkum boʻlurdi. Xabissheva ahlidan boʻlmish yogʻiy yoshmi, qarimi yoxud goʻdakmi — farqlamay otaverdi, chopaverdi. Faqiringiz bundayin sidrafarsoy manzarani koʻrsatguncha koʻzlarimizni koʻr qil, deb yaratganga tavallolar qildum. Moʻylabi chayonning dumi yangligʻ tepaga qayrilgan bir malla qilichini shundayin zarb ila urdiki, selginchak osilgan beshik ham ikkiga boʻlindi, unda belangan chaqaloq ham choʻrt uzuldi. Bolam, deb nola qilgan oʻn toʻrt kunlik oydayin juvon boshi tanidan uzilib, beshik yonida qotdi...

Yogʻiyga omonlik bermagan Eski joʻva dahasini soʻngroq uqalo «Janggoh» deb yuritmishlar...»

Anvar kitobdan bosh koʻtarib oʻyga toldi: «Qiziqku, «xalq otasi» buni boshqacha talqin qilib bergan. «Toshkent yigitlari chapani, urushqoq boʻlgan. U mahalla bu mahalla bilan mushtlashish uchun Eski joʻvada toʻplanganlar. Eski joʻvadagi maydon shu bois «Jangop», ya’ni «Janggoh» deb yuritilgan», deb yozaverib, bu gapning iyigʻini chiqarib yuborgan-ku?»

Anvar kitobga shu qadar berildiki, onasining hovli etagidagi uy eshigini ochib ikki marta chaqirganini ham eshitmadi. Xotinining kirib kelganini ham avvaliga sezmadi.

Xonzoda uyga kirib, sochilib yotgan eski qogʻozlar, gazit-joʻrnallarni koʻrib, dastlab ajablandi. Yerda chordana qurib oʻtirganicha kitobga muk tushib olgan eriga qarab salom berdi. Anvar salomni eshitdi, biroq kitobdan uzilgisi kelmay bosh qimirlatib qoʻya qoldi. Xonzoda, eri qarab ham qoʻymagani uchun «yana kasallari tutdimi», deb qoʻrqib ketdi.
— Anvar aka, — dedi sekin, keyin choʻchibroq boʻlsa-da, ovozini koʻtardi: — Anvar aka!

Anvar kitobdan bosh koʻtarib, yalt etib xotiniga qaradi:
— Ha, keldingmi? — dedi-da, yana kitobga muk tushdi.

Xonzoda kiyimini almashtirib chiqqanida ham ahvol shu edi. U eriga bir oz tikilib turgach:
— Nima ovqat qilay? — dedi, aybdor odamning ovozida.

Anvar javob bermadi.
— Ovqatni soʻrayapman, — dedi Xonzoda, ovozini bir parda koʻtarib.
— Bu yoqda odamlar qiyma boʻlib yotibdi-ku, buning dardi ovqat, — dedi Anvar mingʻirlab.
— Nima deyapsiz, tushunmadim, — dedi Xonzoda.
— Mastava! — dedi Anvar jerkib.

Mastava Anvarning eng xushlamaydigan ovqati. Jahli chiqsagina shunday javob beradi. Xonzoda savolni qaytarishga hojat yoʻqligini bilib chiqib ketdi. Oradan bir piyola choy icharli vaqt oʻtib, onasi kirib keldi.
— Anvarjon, bolam, uydamisan? Chaqiraman, chaqiraman, indamaysan. Men seni qori bola bilan xudoyiga ketvordingmi, debman. Togʻangnikiga nimaga boruvding, kitob olib keldingmi? Qanaqa kitob ekan?

Anvar «O, shpion, yetkazibdi-da», deb oʻrnidan turdi-da, onasini yetaklab divan tomon yurdi.
— Qanaqa kitob deb soʻradim sendan, — dedi kampir joylashib oʻtirib olgach.
— Eskicha kitoblar.

Ziyrak kampir kelinining axborotidan soʻng xavotirlanib chiqqan edi, shu sababli oʻgʻlining qisqa javobidan qoniqmadi.
— Togʻangda eski kitoblar boʻlmasidi, qani, oʻqi-chi?

Anvar bu «tergov»dan osongina qutulmasligini bilib, charm muqovali kitobni qoʻliga olib ochdi-da, duch kelgan yeridan oʻqiy boshladi:
— «Burun ul nimakim, farz etti Yazdon,

Erur oqilga boligʻ boʻlgʻach imon.

Aning ma’nisidur til birla iqror,

Koʻngul birda inonmogʻligʻ dagʻi bor.

Tilar boʻlsang anga oʻzni yeturmak,

Bil, olti nimaga imon keturmak...»

Anvar sahifalar orasiga barmogʻini qoʻyib, kitobni yopdi.
— Boʻldimi, endi ishondingizmi?
— Sen endi, oʻqiganingni manga tushuntirib ber.
— Xudo iymonni farz etti, demoqchi.
— Oʻqiganingda Xudo degan soʻz yoʻgʻidi-ku?
— Yazdon — Xudo degani. Qahhor, Jabbor deganda ham Xudoni anglaydilar. Xudoni anglatuvchi soʻzlar koʻp.
— Bolamdan aylanay, shuncha narsalarni bilasanu pismayib, indamay yurasan-a? Onamning koʻzlari koʻr boʻp qogan, shu bechoraga yaxshi narsalarni oʻqib beray, aytib beray, demaysan. Man saning noningga zormasman, bolam, yaxshi gapingga zorman... — Risolat kampir keyingi gapini hasrat ohangida aytdi. Ovozi titrab ketganini sezgan Anvarning yuragi siqildi.
— Oyijon, kitobni hozir olib keldim. Hali oʻzim ham oʻqib chiqqanim yoʻq. Shpioningiz bexato ishlashini bilganimda, yoʻldayoq oʻqib kelardim.
— Gapni darrov egrilikka burma. Mani kelinimdaka kelin yoʻq bu dunyoda. Shpionlik qilib uyiga gap tashibdimi, yo koʻcha-koʻyda valaqlab yuribdimi? Xudoga shukr qilsang-chi?

Anvar onasining osonlik bilan chekinmasligini bilgani uchun doim qoʻllaydigan himoya usuliga oʻtdi — gapni hazilga burdi:
— Menday er nasib qilganiga Xonzodangiz shukr qilsin.
— San bolaga xotin zotining chidashi qiyin.
— Oyi, tergov tamom boʻldimi?
— Chiqib keting, demoqchimisan? Haydamasang ham ketaman.

Risolat kampir oʻrnidan qoʻzgʻalmoqchi edi, Anvar tezgina borib yoniga oʻtirdi-da, yelkasidan quchdi.
— Xuddi xoʻja qiziga oʻxshaysiz-a? Jahlingiz chiqmasin, hazillashyapman. Oʻzim hozir yoningizga chiqmoqchi edim. Soʻraydigan gaplarim bor.
— Bolani tugʻib, boqib-boqib, qariganingda yoqmay qolarkansan, — dedi Risolat kampir, arazini davom ettirib.
— Buvamning xatlarini oʻqidim. Hammasida afsus chekyapman, deganlar. Nimadan afsuslanishlari mumkin?
— Bilmayman.
— Nimadan afsuslanishlari mumkin? — dedi Anvar oʻziga oʻzi gapirayotganday. — Qilgan xizmatlarigami yo yoshlikdagi xatolarigami? Balki yoshlik chogʻlarida biror doʻstlariga xiyonat qilgandirlar?
— Gaping qursin sani, adam rahmatli chumoliga ham ozor bermasidilar. Chaquvdan boʻlgan hammasi. Stalinga qarshi toʻntarish yasamoqchi, deb tuhmat qilishdi. Stalinday odamni toʻntarib boʻlarkanmi?
— Harholda qiziq... Shoakbar Zunnuniyni oʻn toʻqqizinchi yilda Buxoro amiri ostirgan. Oradan oʻn sakkiz yil oʻtgach, uning doʻstini — mening buvamni qamashgan. Ikki hammaslak doʻstning biri eski tuzumga yoqmagan, ikkinchisi yangisiga... — Anvar bir qoʻli onasining yelkasida, koʻzi deraza ortida yogʻayotgan qor zarralarini ilib olayotgan daraxt shoxlarida edi.
— Aqlli odamning dushmanlari koʻp boʻladi, bolam.
— Buvimga qiyin boʻlgan ekan-da.
— Oyim boyaqish hasratda oʻtdilar, — Risolat kampirning koʻngli toʻlib, yengining uchi bilan koʻzyoshini artdi.
— Yuring, oyi, tanchangizda bir oz oʻtiraylik, oyogʻim qaqshab qoldi, — Anvar shunday degach, kampir oʻrnidan turdi.

Anvar onasini uyiga kuzatib, birpasgina oʻtirib qaytmoqchi edi. Onasi atayin uni ushlab qolmoqchi boʻldimi yo chindan ham kitob oʻqitib eshitgisi keldimi — Anvar farqlay olmadi. Xonzoda charm muqovali kitobni keltirgach, u qamaldagi odam holiga tushdi. Qishning bir tutam kunduzi tugab, shom qorongʻisi bostirib kirdi.

3

Anvar oʻrin solayotgan xotinini yelkasidan quchdi. Xonzoda choʻchib tushdi. Choʻchiganini yashirish uchun tezgina oʻgirildi-da, erining pinjiga kirdi — yelkasiga beozorgina bosh qoʻydi.
— Sizdan yana iltimos qilaman, — dedi Anvar uni bagʻriga bosib. — Hamma oʻylasa ham, siz meni jinni demang. Hadeb oyimga yugurib chiqavermang. Men sogʻman. Men ishxonadagilar uchun jinniman. Ular mendan qutulishning boshqa chorasini topisholmadi.
— Oʻsha ishingiz ham quribgina ketsin. Boshqa ishlar toʻlib yotibdi-ku?
— Yoʻ-oʻq, u yerdan ketmayman. Avval ishimni bitirib olay. Endi chekinsam, rostdanam jinni boʻlaman. Bugun topib kelgan kitob-qogʻozlarim ularni portlatib yuboradigan atom bombaning oʻzi. Tilka-tilka boʻlib ketishadi.

Xonzoda erini gapirtirmaslik uchun lablari bilan lablarini qidirib topdi...

Xonzoda odati boʻyicha yengil pishillay boshlagach, Anvar oʻrnidan turib mehmonxonaga chiqdi. Deraza osha osmonga tikildi.

Tund osmon yorishmadi.

«Chaqirsang kelamiz, deyishgan edi. Nima uchun daraklari yoʻq?..»

XIV bob

1

Shaharning eng katta restorani ikki kun davomida Asadbek xizmatida boʻldi. Xonaki qimorbozdan tortib, orqa oynasiga oq parda tortilgan oq «Volga»larda yuruvchi zotlargacha xizmatda boʻlishdi.

Toʻyning daragini eshitib Zohid ham, garchi taklif etilmagan boʻlsa-da, keldi. U boshqalardek yelib-yugurib xizmat qilmadi. Asadbekning koʻziga koʻrinib, jilmayib, ta’zim ham qilmadi. Bir chetda turib kuzatdi. Xizmat restoran xodimlariyu xodimalaridan ortmasa ham, «qamishdan bel bogʻlab xizmat qilishni niyat etganlar» tinib-tinchishmasdi. Toʻy harakatlari ichkarida boʻlishiga qaramay, Asadbek turgan yerda ivirsishardi. Ayrimlari yugurib kelib, Asadbekdan maslahat olib ketardi. Ayrimlari shunchaki kirib-chiqib turardi. Ular orasida tanish odamlarini koʻrib, Zohid «hokim deyishganicha bor ekan», deb qoʻydi.

Zohid nikoh oqshomida kuyovning yonida Anvarni koʻrib avvaliga ajablandi. Ustozi sabab boʻlib, Anvar bilan bir-ikki suhbat qurgan edi. Adolat deb kuyinib yurgan yigitning adolatsizlik bilan topilgan pullar evaziga tuzalgan dasturxon toʻrida oʻtirishi unga gʻalati tuyuldi. Uning qarichi bilan oʻlchansa, Anvar doʻstining bu xonadonga kuyov boʻlishiga yoʻl qoʻymasligi lozim edi. Doʻstini qaytarolmagan taqdirda ham kuyovjoʻra boʻlib toʻrda oʻtirmasligi kerak edi.

Chumoli uyasidek qaynayotgan toʻyxonada Anvar ham Zohidni koʻrib, «Bu yigit nima qilib yuribdi?» deb ajablandi. «Xizmati yuzasidandir» degan gap xayoliga kelmay biroz gʻijindi.

Zohidning toʻyda ishtirok etayotganini faqat Anvar emas, Asadbekning odamlari ham payqashdi. Toʻy oʻz yoʻliga, xizmat oʻz yoʻliga, deganlaridek, Asadbekning odamlari hushyor va ziyrak edilar. Kim keldi, kim ketdi, kim nima dedi — ularning nazaridan chetda qolmas edi. Toʻydagilarning qariyb yarmi taklif etilmasalar-da, Asadbekka sadoqatlarini bildirishib, oʻz ixtiyorlari bilan kelishgandi. Zohid ham taklif etilmaganlar safida, ammo uning maqsadi Asadbek odamlari uchun noaniq edi. Shu sababli «Sharif Namozov ishini koʻrgan, hozir Shilimshiqning ishi bilan shugʻullanayotgan» «bola»ning kelganini Asadbekka ma’lum qilib qoʻyishdi.
— Yeb-ichib oʻtiraversin, indamalaring, — dedi Asadbek. Keyin yonida qoʻl qovushtirib turgan Kesakpolvonga qaradi. — Haydar, direktoring koʻrinmadimi?
— Kishinyovda oʻtiribdi. Samolyoti uchmayotganmish.
— Prokuror bolaning akasi oʻldirilgan, devdingmi?
— Ha, shunaqa boʻlgan ekan.
— Prokuror bola.... tuzukroq odammi?
— Bu yoqda hali tuzukroq ish bermadi. Milisadaligida sal oʻjarroq ekan. Odam boʻlishi qiyin-ov...
— Xoʻjayini nima deydi?
— Odam boʻlmasa dumini tugadi-da...
— Oʻzing ham urinib koʻr. Oyogʻimiz ostida oʻralashmasin. Kavkazlik bolalarni topdilaringmi?
— Yoʻq, izi quribdi. Ularni akademik topgan boʻlishi kerak. Prokuror bolaga oʻshani roʻpara qilaymi?

Asadbekka bu taklif ma’qul tushganday boʻldi. Soʻng Zelixon izidan is olgan prokuror oqibat Elchinga roʻpara kelishini oʻylab, fikridan qaytdi.
— Yoʻq, — dedi u keskin ohangda. — Unga tegmalaring.

Zohid «yuqori doiralarning» oʻzi haqida soʻz yuritayotganidan bexabar, «meni bu yerda hech kim tanimaydi», degan xotirjam oʻyda toʻy tamoshasini kuzatardi. Uning nazarida xonandalar ustidan sochilib, xipchabel raqqosalar oyogʻi ostida bosilayotgan pullar qogʻozdan emas, odam qonidan ishlangan edi. Mast basharalar sanchqiga hil-hil pishgan qoʻy goʻshtini emas, odam goʻshtini ilib ogʻizga solishayotganday edi... Shuni oʻylaganida koʻngli agʻdarilib ketayozdi. Goʻyo ashulachi san’atini qadrlaganday pul sochayotgan, aslida oʻz qudratini, ayni choqda, Asadbekka boʻlgan e’tiqodini namoyish etayotgan bu kiborlarning qay biri Jalol Komilovning erkakligini kesib tashlagan ekan, qay biri yuragiga pichoq sanchib, qay biri osib qoʻygan ekan? Zohid «bu vahshiylik faqat mafiyaning qoʻlidan keladi, guruhlar orasida ixtilof chiqqanu Komilov qurbon boʻlgan», degan qarorga kelgan edi. Bu vahshiylik «ijodkori» pul sochayotganlar emas, qoʻshiq aytib koʻpning dilini oʻziga rom qilishi mumkin boʻlgan, hozir esa toʻrda kuyov saruposida oʻtirgan Elchin ekani xayoliga kelmaydi. Bu haqiqat tagiga yetgunicha koʻp qoqiladi, peshonasi koʻp gʻurra boʻladi...

2

Davraboshi Elchindan bittagina qoʻshiq eshitish taklifi tushayotganini aytishi hamonoq qiyqiriq boʻlib ketdi. Elchin qamalmasidan avval bu sharafga koʻnikib qolgan edi. Shunday kezlarda u sahnaga yurib emas, goʻyo parqu bulutlar ustida suzib chiqar edi. Hozir oʻsha damlar qaytganday boʻlib yuragi bir entikdi. Bosh chayqab «yoʻq», dedi. Oʻrnidan turib, qoʻlini koʻksiga qoʻyib ta’zim qildi. Davraboshi unga tor uzatgach, noiloj qolib qoʻliga oldi. Shunda ham oʻrtaga chiqmadi.

Kimga toʻy, kimga aza, deydilar. Elchin zohiran kuyovlik shohsupasida xurram koʻrinar, botinan esa, yuragi temir tirnoqlar hukmida edi. Yaxshilab qaragan kishi uning yuzlari kulgani bilan koʻzlari gʻam pardasi ortida ma’yus tortganini payqay oladi. Yaxshiki, toʻyda odamlar sinchkov boʻlishmaydi. Koʻpchilik Elchinning «ashula aytmayman» deyishini shunchaki noz oʻrnida qabul qildi. Elchin hozir ular istagan qoʻshiqlarni aytolmasdi, ularni xursand qilolmasdi.

Qoʻliga tor olgach, «nimani aytsam ekan» deganday oʻylanib qoldi... Elektr organ cholgʻuchisi uning mushkulini oson qilish uchunmi bir vaqtlar mashhur boʻlgan ashulasining kuyini chaldi...

Bugun qoʻshni chorboqqa
kelin tushdi, yor-yor...

Elchin bu kuyni eshitmadi.

...Pullar sochilib yotgan toʻyxonaga... Noila kirib keldi. Oppoq uzun koʻylakda. Chap koʻkragida pichoq, lekin qon yoʻq. Ma’yus kulimsirab turib:
— Ayting, Elchin aka, oʻsha ashulangizni sogʻindim... — dedi.
— Qoʻshiq faqat senga atalgan edi.
— Ayting, mayli, bular ham eshitishsin. Zora tosh yuraklari yumshasa...

Toʻyxona birdan jimib qoldi.

Qamoqxonadagi toʻlgʻoqli kechalarda tugʻilgan, uzoq yillar yurak qafasidagi tutqinlikda potirlayotgan qoʻshiq ozodlikka chiqdi...

Xayr endi, qalbimda bir vido qoldi...
Xayr endi, sen ketding, begunoh ohu...
Bugun sen qaydasan,
Qaylarda qolding...
Bugun boshing uzra kimning panohi...

Elchinning nazarida toʻyxona jim edi. Barcha uning yuragidan otilib chiqayotgan nidoni tinglardi. Aslida esa... dasturxonga boshlangan yalpi hujum susaymagan holda davom etardi.

Seni kech topgandim... erta yoʻqotdim...
Qargʻagin, loyiqman sening qahringga...
Qargʻagin... Qargʻagin...

Elchin oʻzga olamga koʻchgan edi.

Toʻyxonada esa Asadbekning ichkari kirishiga tayyorgarlik boshlanayotgan edi. Harholda kuyovi ashula aytyapti, pul qistirmasa boʻlmas...

Boʻshagan likopchalarni yigʻishtirib yurgan toʻrt ayol Jamshidning ishorasi bilan sochilib yotgan pullarni tezlik bilan terib olishdi. Ular ishlarini yakunlamay turib bir yigit qoʻlida dastalangan pul bilan paydo boʻldi-da, yuztaliklarni ikki qator qilib xuddi poyandozday tera boshladi.

Qargʻagin, loyiqman sening qahringga...

Yuz soʻmlik puldan iborat poyandoz hosil boʻlgach, bazmxonada Asadbek koʻrindi.

Oʻzgalar qalbida mehr uygʻotdim...

Asadbek pullarni bosmay, chetlab oʻtib, ashula aytayotgan kuyovi tomon yurdi. Yoʻl-yoʻlakay Jamshidni koʻzi bilan izlab topib qovoq uyib qoʻydi. Jamshid buni tushunib darrov xipchabellarga imo qildi. Ularga jon kirib, pullarni yigʻishtirishga tushishdi. Asadbek kelin-kuyovga yaqinlashib choʻntagiga qoʻl soldi. Koʻpchilik bir dasta pul sochilishini kutgan edi. Asadbek hech bir toʻyda, yoki yigʻinda pul sochmagan. Uning bu odatini bilgan yaqinlari «oʻzining toʻyida bu odatini buzarmikin» deb oʻylashgandi. Ular kutgan ish boʻlmadi. Asadbek ikkita yuztalik chiqarib uzatdi.

Elchin boshqa olamda edi — egilmadi. Asadbek pul qistirolmadi. Unga Elchinning hozirgi holati begona edi. Shu sababli Elchinning egilmaganini magʻrurlik belgisi sifatida qabul qilib gʻijindi. U oʻzini magʻlub his etdi. Ammo magʻlubligini toʻyga yigʻilganlar u yoqda tursin, yonidagi a’yonlariga ham sezdirishi mumkin emas edi. U darhol choʻntagiga qoʻl soldi-da, bir tutam yuztalik chiqarib, kuyovi ustidan sochdi. Toʻyxonani qiyqiriq bosdi. Asadbek ikkinchi choʻntagidan pul chiqarib uni qizi ustidan sochdi. Avval Kesakpolvon, soʻng Chuvrindi xoʻjayinlari ishini takrorlashdi. Asadbek kulimsiragan holda toʻyxonadan chiqdi.

...Qargʻagin, loyiqman sening qahringga...

Elchin ustidan pul yogʻilardi...
Tuygʻulari esa toptalardi...
Uning koʻzlaridan sizib chiqqan yoshni hech kim sezmasdi, hatto Anvar ham...

...Oʻzgalar qalbida mehr uygʻotdim...

3

«Siz oʻshami?..»

Zaynab bu lahzani qancha kutdi? Yettinchi sinfdaligida «Oʻtgan kunlar»ni birinchi marta oʻqib chiqqan edi. Yettinchi sinfdaligida kitobdagi Zaynabni qargʻab, Kumushga oʻzicha motam tutdi. Oʻziga Zaynab deb ism qoʻygani uchun ota-onasidan xafa boʻldi. Romanni ikkinchi yo uchinchi marta oʻqiyotganida onasiga yigʻladi. «Otimni oʻzgartiraylik», deb yalindi. Manzura qizining bu qiligʻidan kuldi. Quchoqladi, boshini siladi, peshonasidan oʻpdi. «Aylanay qizim, bu yomon ism emas, kitobda yozaverishadi-da», dedi. Keyin qiziga qiziqib oʻzi ham kitobni oʻqib chiqdi. Oʻzi ham yigʻladi. «Oyijon, ismimni Kumush deb oʻzgartirmaysizlarmi, Kumushga oʻxshab oʻlib ketsam ham mayli edi...» Bu Zaynabning koʻnglidan kechgan gap. Uni tilga chiqarib aytolmaydi, uyaladi. Chunki kitobdagi Kumushning Otabegi bor.... orada totli damlar bor. Zaynabning orzulari ortida hozircha yashirin boʻlmish shundayin hislar borligini otasi bilib qolsa — sharmandalik emasmi?

Uzoq vaqtgacha birov uni otini aytib chaqirsa xuddi «Kumushga zahar bergan sensan», deganday boʻlaverdi. Hatto bir kuni tushida Kumushni koʻrdi. Kumush — kinodagidan ming chandon goʻzal, yuzlaridan nur taralayotgan bir juvon «nima uchun meni oʻldirdingiz?» deb oʻpkaladi.

Oʻzining ismidan uyalish barobarinda u xayolan Otabegini izlardi. Sinfdagi bolalar orasida Otabek oʻrnini bosuvchi bolani topmadi. Tanaffus paytida xuddi qizlarday toʻplanib olishib kiyim-kechaklar haqidagi gaplardan ortmovchi oʻgʻil bolalardan Otabek chiqishi mushkul edi. Uning nazarida arzirli bola maktabda yoʻq edi. Norasta qiz yuragini otasining ishonchli mahramlaridan biri boʻlgan jingalaksoch yigit — Jamshid rom etsami?! Jamshid esa qizchaning koʻnglidan nelar kechishini bilmay, hovlida roʻpara kelib qolganida «Ha, puchuq, oʻqishlar qalay endi?» deb qoʻyadi. Zaynab ba’zan shu soʻzlarni ham eshitishga mushtoq boʻlib qoladi. «Otam meni unga berarmikinlar?» deb oʻylaydi. Hatto «Nimaga meni olib qochib keta qolmaydi?» deb ham fikr qiladi.

Balogʻat yoshiga shu oʻylar, orzular bilan kirib keldi. Koʻnglidagi bolalikning oʻtkinchi hislari emas ekan. Yurakka urugʻ boʻlib qadalgan oʻsha hislar endi unib chiqa boshladi, qizning yuragini, aqlu hushini Jamshid tamom bandi qildi. Yoshi oʻtayotgan boʻlsa-da, uylanmay yurgan yigit nima uchundir bu xonadonda ajib bir gul unayotganini sezmas edi. Jamshid deyarli har kuni shu yerda boʻlgani uchun ham uni oʻz singlisiday koʻrardi, unga boshqacha koʻz bilan qarashni oʻylamasdi. Zaynab mana shundan toʻlgʻoqda edi.

U bekor qoldi degunicha Kumushbibi qismatini oʻqirdi. Kitobning koʻp sahifalari yod boʻlib ketgan edi.

«Bilurmikin, bilmasmikin, u zolim!
Kunlar, tunlar tortgan ohu zorimni!..»

Kumushning toʻyida qizlar aytgan qoʻshiqdan shu baytni koʻp takrorlardi. Jamshid koʻrinmay qolsa «toblari qochdimi, meni oʻylab xasta boʻldilarmi», degan xayolga borardi. Xayolni oʻzicha haqiqatga aylantiray deganida Jamshid koʻrinib qolsa, uning sochlarini bittalab yulgisi kelardi. Kechalari bilan toʻlgʻonib «yaxshi koʻrishimni oʻzim aytaman», deb qaror qilardi. Tong boʻzarishi bilan uning bu dadilligi uyquga ketar edi. Jamshidning mashinasiga chiqqanida esa siri oshkor etilib sharmanda boʻlganday yuzlari lovullab, tili kalimaga kelmay qotib qolardi. Zaynab faqatgina oʻz dunyosida yashardi. Bu dunyoga oʻzgalar kirishi mumkin boʻlgan eshik esa taqa-taq berk edi. Bu eshikni, istasa, faqat Jamshid ocha olardi. Ammo unda bunday xohish uchquni sezilmadi. Zaynab noshukurlik qilmadi. «Uzoqdan boʻlsa ham har kuni koʻrib tursam bas», dedi. Nazarida Jamshid boʻlmasa uning bu dunyoda yurishiga hojat ham qolmas edi.

Yigit kishi ham shunchalar beparvo boʻlarmi? Gullarning ochilishiga zor bulbullar qani? Gul ishqida yonib kuylovchi qumrilar qani? Qani Otabek? Zahar faqat Kumushbibi jonini sugʻurib olmay, Otabek yuragidagi muhabbatni ham oʻldirdimi ekan? Shu bois bu yorugʻ dunyoda Otabeklar qolmadimi ekan?

Jamshid Otabek kabi sevganida edi, Zaynabimiz Kumush kabi oʻlib ketishga ming marta rozi edi. Ha, Zaynabimiz ana shunday telba muhabbat choʻrisi edi. U Jamshidning yuragidan ayol zotiga nisbatan muhabbat quvib chiqarilganini, bu qalb faqat nafrat bilan tepayotganini bilmas edi. Chunki Jamshid ham oʻz dunyosida yashardi. Uning dunyosiga oʻzgalarning kiruvi mumkin boʻlgan eshik ham taqa-taq berk edi. Bu eshikni Zaynab ham ocha olmas edi...

Zaynab muhabbatning aldamchi bulutlari ustida suzib yurganida oʻzining boʻlajak toʻyini xayol koʻzi bilan koʻrardi. Yoʻq, yoʻq, siz uni ersirab qolibdi, deb oʻylamang. Asti bunday emas. Toʻy deganda uning koʻz oldiga toʻshak kelmaydi. Toʻy deganda u... Otabeknigina koʻrardi. Xotirasiga muhrlanib qolgan yozuvchi satrlari bilan koʻrardi...

«...kuyov kelar edi: ikki tomonni sirib olgan xotin-qizlar oʻrtasidan Otabek kelar edi...»

Otabek — shubhasiz, jingalaksoch yigit.

«...uning ketidan Oftob oyimning egachisi isirigʻ tutatar edi...»

Demak, isirigʻni xolasi tutatadi.

«...xotinlar qoʻllarida sham bilan bunga qarar va uzatib qolur edilar...»

Elektr chiroq oʻchib qolsa qanday yaxshi boʻlar edi...

«Kuyov uyning yoniga yetdi. Uning yuzi uyatdan juda qizargan, qochgali joy topolmas edi. Shu kezda uyning eshigi ochildi-da, yanga tomonidan qarshilandi.
— Kiringiz, bek!»

Yanga kim boʻlarkin? Kichik xolasi durust. Kattasi sal qoʻpolroq, bema’ni gaplarni ham aytvoradi.

«...Otabekning yurak urishi ehtimol yangasiga ham eshitilar edi...»

Yangasiga eshitilmas balki, ammo u eshitadi. Oʻz yuragining qafasdagi qushday potirlashiga hamohang boʻladi...

«...Otabek uyga kirgandan keyin yangasi tashqari chiqib, eshikni oʻzi koʻrarli qiya qilib yopdi...»

Kichik xolasi moʻralamaydi, gap poylamaydi. Unga aytib qoʻyadi: eshikni zich yopib ustlaridan qulflaydi...

«...Uyning toʻrida yonini Otabekka berib, roʻmolining uchini tugibmi, yirtibmi Kumushbibi turadir va kim keldi, deb yoniga qaramaydir...»

U ham shunday turadi. Darrov qaramaydi, sirini oshkor qila qolmaydi...

«...Roʻmol tugish bilan mashgʻul latif qoʻllarni chet qoʻl kelib siqdi.
— Jonim!»

Bu onni, bu jon olgʻuchi birgina soʻzni u necha yil kutdi? Uning azoblariga necha tun guvoh boʻldi ekan? Tundan soʻrab koʻrish kerak: muhabbat olovida qovjirayotgan undan boshqa yana bitta qiz bormikin dunyoda? Shunda ham...

«...Kumushbibi begona qoʻldan seskandi va qoʻllarini qutqazmoqqa tirishib:
— Ushlamangiz! — dedi ham siquvchi qoʻldan qutulish uchun orqaga tislandi...»

...Shunda ham Kumushbibi singari qoʻlini tortib oladi. Siltab emas, asta, noz bilan tortadi — uning xayoliga boshqa gap oralamasin, koʻngli ozor chekmasin. Shunda u...

«...Titragan va qovjiragan bir tovushda:
— Nega qochasiz?! Nega qaramaysiz?! — dedi Bek, Kumushbibi shu choqqacha qaramagan va qarashni ham tilamagan edi...»

...Shunda u ovozi titramasa ham aytadi bu gapni. Axir, nimadir deyishi kerak-ku?

«...Majburiyat ostida, yovqarash bilan sekingina dushmanga qaradi. Shu qarashda birmuncha vaqt qotib qoldi...»

Yoʻq, yovqarash qilmaydi, xumor koʻzlari bilan qaraydi. Uyalibgina qaraydi. Bu qarashning muddati yashin umri misol qisqa boʻladi...

«...Shundan keyin bir necha qadam bosib Otabekning pinjiga yaqin keldi va esankiragan, hayajonlangan bir tovush bilan soʻradi:
— Siz oʻshami?...»

Nima uchun shunday deydi?

Zaynabimizning xayolidagi toʻy shu yerga kelganda uzilar edi. Kuyovga shunday deyish uchun sabab axtarardi... Sababini beshafqat hayotning oʻzi topib berishini u qaydan bilsin? Xayolidagi toʻy sarob ekani, isiriq tutatilmasligi, shamlar yoqilmasligi, hatto... katta xolasi yanga boʻlishi, chimildiqqa nomusli qiz emas, yukli juvon boʻlib kirishini, Otabek — jingalaksochli yigit emasligini oʻshanda bilganida oʻzini yoqib yubora qolmasmidi? Xoʻsh, bilgach-chi? Uni nima ushlab qoldi? Oʻgʻirlangan kuniyoq xayolidagi toʻy barham topganini anglagan edi-ku?.. Xayolidagi toʻy barham topgani toʻgʻri, ammo Jamshidga boʻlgan muhabbati soʻnmagan edi. Bu muhabbat soʻnishi uchun avval uning oʻzi oʻlishi kerak. Avval muhabbatni soʻndirib, soʻng oʻlish uning qoʻlidan kelmaydi. Zaynabdagi muhabbat alangasi zoʻrmi yo Elchindagi qasos oʻtimi — oʻlmasak bunga ham ajrim toparmiz.

Hozir esa... Zaynab nomi chimildiq, aslida ovrupocha qilib yaxshilab yasatilgan yotoqda, toʻshakning bir chetida omonat oʻtiribdi. Katta xolasi «oʻzingga mahkam boʻl», deb chiqib ketgan. Eshik qiya ochiq. Kumushbibining yangasiga oʻxshab moʻralash uchun atay ochib qoʻymadi. Tasodifan shunday boʻldi shekilli.

Zaynab kuyov boʻlmishning bir vaqtlar mashhur qoʻshiqchi ekanini eshitganidan beri oʻylab oʻyiga yetolmaydi: U Elchinning mashhurligiga guvoh emas. Elchin qamalganida u uchinchi sinfda oʻqir edi. Qamalganidan keyin Elchinning ashulalari radiodan ham berilmay qoʻygan, shuhrati asta soʻngan edi. Qolaversa, yangi avlodning oʻz ohangi, oʻz qoʻshiqchilari bor edi. Zaynab otasining maqsadini anglay olmadi. Chiroyga baho berilsa, Elchin Jamshidga nisbatan oʻktamroq edi. Lekin qamalda boʻlgan Zaynabning yuragi unga eshikni ochib bera olmas edi. Nikohlarini roʻyxatdan oʻtkazmoqqa borganlarida unga bir necha marta oʻgʻrincha qaradi. Dugonalarining havasdan yonayotganlarini ham sezdi. Ammo... xotinini soʻyib tashlagan odamni kuyov qilish otasiga nima uchun zarur boʻlib qoldi? Nima uchun onasi itoat bilan koʻndi?

Yanga — katta xolasi chiqib ketganiga ham ancha boʻldi. Kuyov esa hayallayapti.

Kun boʻyi qor yogʻib, osmon hasratini toʻkib ado qilibdi — havo ochiq. Toʻlin oy juvon holicha erga tegayotgan qizning ahvolini bir koʻray deb naq deraza tepasiga sullohlik bilan qoʻnib olgan. Hovlida harakat soʻnmagan — xotinlar hamon ivirsib yurishadi...

Zaynab oʻrnidan turib deraza pardasini yopdi. Joyiga qaytib oʻtirdi. Zindonga tushib qolganday boʻldi. Goʻyo toʻrt devor, shift bir boʻlib uning ustiga bosib kela boshladi. Nafasi qaytib oʻrnidan turdi-da, pardani salgina surdi. Oy nuri xonaga oʻgʻrincha kirib ojizgina yonib turgan tunchiroq nuri bilan qorishib ketdi.

«Siz oʻshami?»

Buning aytilishiga ozroq fursat bor.

Zaynab yotoqxonada kuyovning hayallashidan hayron. Kuyovning esa bu yerga kirishga yuragi dov bermaydi. Uch kun avval kelinning seplari olib kelinganda Elchin qaysi xona yotoq boʻlishini koʻrsatgan edi. Arabistonda yasalgan hashamdor karavotlar Elchin aytgan xonaga qoʻyilib edi. Noila bilan totli tunlarni oʻtkazgan, oqibatda esa, Noilaning joni uzilgan xonada endi u boshqa juvon bilan birga boʻlolmas edi. Restoranga joʻnashayotganida ham xobgoh Elchin aytgan xonada edi. Qaytsa... Noilaning joni uzilgan xonaga koʻchirilibdi.
— Hech zamonda dahliz ham ispalniy boʻlarkanmi, — dedi ammasi uning noroziligini pisand qilmay. Elchinning tuygʻulari amma uchun begona edi. Aytsa, «oradan necha yil oʻtdi. Erkak kishi sal oʻzini qoʻlga olishi kerak», deganga oʻxshash bir gap eshitardi.

Xobgohdan boʻlak barcha xonalar kelin tarafidan kelgan xotinlar bilan band. Hovlida oʻzining qarindoshlari izgʻib yurishibdi. Elchin chekib olish bahonasida Anvar bilan darvozaxonada turibdi. Ammasi ikki marta kelib: «Hoy, kirmaysanmi?» deb ketdi. Elchinning gaplarida tayin yoʻq. Anvar buni sezyapti. Oʻrtogʻining kelin oldiga kirgisi yoʻqligini anglab turibdi. Sababini soʻramaydi. «Noila esiga tushib ketdi shekilli?» deb taxmin qiladi. «Mayli, oʻzini bosib olsin», deb u ham sigaretga sigaret ulaydi... Ammo tonggacha shu holda turish mumkin emas...
— Sovqotdim, oshna, — dedi Anvar. — Endi kir, xotinlar gap qiladi.

Elchin moʻmin boladay xoʻp, deb uy tomon yurdi. Ostona — muqaddas chegara. Anvar chegarani bosib oʻtmadi, hovlida qoldi.

Eshik ochilib kuyov toʻra — Otabek emas! — kirdilar. Kelin poshsha — Kumushbibi emas! — yonini eshik tomon berib — atayin emas! — oʻtiradilar. Kim keldi, deb yonga qaramaydilar. Eshik mahkam yopilib, kalit buraladi. Narigi xonadan joy olgan xotinlar, gʻaflatda qolishdi desak, yanglishmaymiz. Chunki qadimning rasm-rusimi yoʻq endi. Xotinlar nima uchun kuyovning uyiga kelib, nima uchun yotib qolishayotganini ham bilmaydilar. Hovlida gulxan yoqish yoʻq, kelin boshi uzra palak tortib yor-yor aytish yoʻq, isiriq tutatish yoʻq, tortishmachoq yoʻq, chimildiq yoʻq... Kelin-kuyov uy burchagiga tortilgan chimildiq ortida oʻtirib tong ottirmaydilar. Xotinlar chimildiqni asta surib moʻralamaydilar. Kampirlar qizlik olamlarini tashlab, juvonlik ochuniga kirish onlarini xotirlab, chollari bilan boʻlgan keyingi hangomalarni soʻzlab kuyov bilan kelin koʻnglini qitiqlamaydilar... Hammasi soddagina: eshik qulflanadi, xotinlar mingʻirlab-mingʻirlab uyquga ketadilar. Kelin oʻziga pishiq boʻlsa boʻldi, yoʻqsa urf boʻyicha ertaga belgilangan voqea shu tundayoq amalga oshaveradi, yangalar dogʻda qolaveradilar...

...Latif qoʻllarini chet qoʻl kelib siqmadi. «Jonim!» degan soʻz uchmadi. U Kumush emas, Zaynab ekani uchun shunday boʻlgandir? Balki u kitobda yozilganday shirin lahzaga arzimas?

...Elchin avvaliga toʻshak ustida Noilasini koʻrdi. Koʻzini chirt yumib oldi. Chuqur nafas olib tuygʻularini haydab chiqarmoqchi boʻldi. Bunga picha erishdi. Koʻzini ochganda toʻshak ustida Noilasi yoʻq edi. Toʻshak ustida omonat oʻtirgan Zaynab — Asadbekning (!) qizi unga qaramasdi. Elchin kelinlik libosida oʻtirgan Zaynabga majburiyat yuzasidan yaqinlashib, bilagiga qoʻl yubordi. Qattiq siqmadi, ohistagina ushladi.

Zaynab seskandi. Ammo qoʻllarini qutqazmoqqa tirishmadi. Uning bilagini ushlagan qoʻl begona emas, tanish edi. Zaynab yovqarash bilan, yalt etib dushmaniga qaradi, (ha, u yori emas, dushmani edi!) oʻrnidan turdi. Kumushbibi Otabek pinjiga yaqin kelgani kabi yaqinlashmadi. Esankiragan, hayajonlangan bir tovush bilan soʻradi:
— Siz... oʻshami?!

Bu gap tilidan beixtiyor uchdi. Bu gap Kumushbibining hayajoni bilan uchmadi. Kumushbibi kutilmagan baxt qushi boshiga qoʻngan saodatli qizning esankirashi bilan aytgan edi bu gapni, Zaynabimiz esa uzoq izlagan qonxoʻr dushmaniga tasodif bilan roʻpara kelib qolgan, baxti toptalgan juvonning ezgin ovozi bilan aytdi.

Savol javobsiz qoldi.

Otabekning «Men oʻsha!» degan koʻngilni quvontiruvchi soʻzlari uchmadi. Zaynabimiz «Koʻzlarimga ishonmayman», demadi. Ikki lab oʻz-oʻzidan bir-biriga qovushmadi... Kichkina nozik qoʻllar yelka ustiga, kuchli qoʻllar qoʻltiq ostiga yopishmadilar. U kuyov boʻlmishning yuziga uzoq tikilib turmadi... «Kutilmagan bir baxt!» demadi, kulib yubormadi. Bu kulish hovlilargacha eshitilmadi...

Kuyov bilan kelin bir-birlariga yaqinlashmagan holda oʻtirib, tong ottirdilar.

Elchin, soʻfi azon aytmay turib, xobgohdan chiqdi. Kuyov chiqib ketishi bilan shoshilib kirgan yanga — Zaynabning katta xolasi jiyanining «oʻziga mahkam boʻlganini» koʻrib, quvondi.

XV bob

1

Vino zavodining boshqoni Sharif Namozov xunuk xabar bilan kirgan kotibaga norozi qiyofada boqdi. Birgina jilmayishi bilan jonini sugʻurib olishi mumkin boʻlgan, ammo yangi boshqonning koʻnglini ovlay olmasdan xunobi chiqib yurgan kotiba uning qovoq uyganini koʻrib chimirildi.
— Kiraversinmi? — dedi nozli ohangda.
— Bir oz kutsin, — dedi Sharif, telefon goʻshagiga qoʻl uzatib. — Ministr bilan gaplashishim kerak.

Kotiba noz bilan burilib chiqdi. Sharif goʻshakni joyiga ildi. «Prokuraturaning yana nima ishi bor ekan menda?» deb oʻyladi. Qornida birdan sanchiq turib, koʻngli aynidi. Choʻntagidan xapdori chiqarib, ilib qolgan choy bilan ichdi.

Shu yoshgacha faqat ilm deb yashayotgan odam, goʻyo peshonasi devorga urilib koʻzi ochilganday, hayotning ma’nosi oʻzgacha ekaniga imon keltira boshlagan edi. Baxtli boʻlishimga baxtsizlik asqotadi, deganlaridek, Xudo bu bandasining yumuq koʻzlarini ochmoq uchun atayin qamoq mojarosiga roʻpara qilganday edi. Qamoqdan-ku, bir necha kunda qutuldi. Bilagidagi igna izlari ham yoʻqolay dedi. Biroq giyohvandlikning toʻridan qutulishi ogʻir kechdi. Xuddi achigan ovqat yeb qoʻyganday koʻngli aynib, qorin ogʻrigʻi boshlansa, toʻlgʻoq tutgan xotin kabi tipirchilab qoladi. Shunaqa paytda koʻngil qamoqxonadagi yigitni qoʻmsaydi. U koʻziga farishta boʻlib koʻrinadi. Kela qolsayu bilagini siqib turib tomiriga em ignasini sanchsa. Ogʻriq toʻxtasa. Bulutlar ustida yonboshlab sayr qilganday orom olsa... Oʻttiz ming emas, oʻttiz million soʻm beraman degan tilxatga ham imzo chekishga tayyor... Uyida dastlab shu dard xuruj qilganida oʻzi ham, xotini ham qoʻrqdi. Giyohvandlik toʻridan chiqib ketish mumkinmi, degan muammo er-xotinni tashvishga soldi. Sharifni qamoqxonadan uyga olib kelgan jingalaksoch yigit xapdori tashlab ketmaganida ularning holiga maymunlar yigʻlashi mumkin edi. Xapdori em boʻlib, dard asta chekina bordi.

Boshqonlik kursisiga oʻtirgan kuni, yoʻqlanmagan mehmonday Asadbek kirib kelganida ham xapdorini yutib, dard bilan olishayotgan edi. Sharif Asadbekning dovrugʻini eshitsa ham, oʻzini endi koʻrayotgan edi.

Asadbek ustol qirrasiga koʻkragini tirab, tirishib oʻtirgan boshqonga qarab turdi. Dard picha chekinib, Sharif qaddini rostlagach, «Ha, nima boʻldi?» deb ham soʻramadi.
— Yangi amallar qutlugʻ boʻlsin, — dedi Sharifga qattiq tikilib.

Azobning asoratidan hali toʻla qutulmagan Sharif yuzini burishtirib, «Rahmat», dedi. U indamay kirib kelib, bezbetlarcha oʻtirib olgan bu odamni vazirlik vakili deb gumon qildi.
— Meni tanimaysizmi? — dedi Asadbek.
— Koʻzimga issiqroq koʻrinyapsiz?..
— Men, Asadbekman! Shunaqa odamni eshitganmisiz?

Behush odam yuziga muzdek suv sepilsa, koʻzi moshdek ochilgani kabi Sharif ham oʻzi kutmagan holda, birdan sergak tortdi. «Shunaqa odamni eshitganmisiz?» Sharif Asadbekni badqovoq, toʻng, yovuz bir maxluqni eslatuvchi odam qiyofasida tasavvur etardi. Toʻgʻri, qarashi oʻtkir ekan. Lekin bu qarashda ham, yuzlarida ham yovuzlik alomati sezilmaydi. Kiyimlar shohona emas, barmoqlarda tilla uzuk, ogʻizda tilla tishlar yoʻq... Sharif Asadbekning qarashiga dosh berolmay oʻrnidan turib ketganini oʻzi ham sezmay qoldi. Ustolni aylanib oʻtib u bilan qoʻshqoʻllab soʻrashdi. Asadbek oʻtirgan oʻrnida jilmaydi. «Joyingizga oʻtiring», dedi. Sharif unga itoat etmay, ustol olib roʻparasiga oʻtirib «buyursinlar, taqsirim», degan kabi moʻmintoy koʻrinish oldi. «Qilich bu olimchani qaysar, derdi, muloyimgina-ku?» deb oʻyladi Asadbek.
— Ishga kirishib ketdingizmi? — dedi Asadbek, undan koʻz uzmay.
— Sekin-sekin boʻlyapti, — dedi Sharif. U hozir qaynotasi bilan birinchi marta uchrashib, xijolatda oʻtirgan kuyovbolaga oʻxshardi.
— Shu zavod dunyoga mashhur boʻlishi mumkinmi?
— Ha... — dedi Sharif, — katta foyda berishi mumkin.
— Men dunyoga mashhur boʻlishi mumkinmi, deb soʻrayapman. «Porto»mi, «Napoleon»mi, hech boʻlmasa «Beliy aist» darajasiga chiqa oladimi?
— Nega chiqmasin? Biz «Porto»dan oʻtib ketishimiz aniq. Men yangicha bir jarayon asosida vino olishni taklif qiluvdim. Portugaliyaliklar qiziqib turishibdi. Bu jarayonni yanada murakkablashtirish imkoniyatim bor. Zavodda ishlayotgan odam soni uchdan ikkiga qisqaradi. Mahsulot hajmi uch baravar oshadi, sifati yetti-sakkiz marta yaxshilanadi.
— Biz zavodni sotib olamiz.
— Biz deganingiz kim?
— Biz — ikkalamiz. Ya’ni, sizu men.
— Hazillashmang, mening pulim yoʻq. Undan keyin bu davlatning zavodi.
— Davlat sotadi zavodni. Oʻtirib qoladigan hamma zavodlarni bugun boʻlmasa ertaga albatta sotadi.
— Bu zavod... oʻtirib qolmagan. Katta foyda oladi.
— Hozirgi sharoitda milliarder zavod ham xarob boʻlib ketishi mumkin.
— Yoʻq, bu mumkin emas.
— Mumkin.
— Bu mening qoʻlimdan kelmaydi.
— Sizning qoʻlingizdan aralashmaslik kelar?

Sharif tushundi. Demak, Asadbekning rejasi ikki bosqichdan iborat: birinchisida boshqon chetda turadi. Undan koʻra chapdastroq odamlar zavodni choʻktirishadi. «Norentabel» degan roʻyxatga kiritiladi. Ikkinchi bosqichda Sharif maydonga chiqadi. Yangi usuli bilan zavodni «koʻtaradi».
— Foydaning toʻrtdan biri sizniki, — Asadbek shunday deb oʻrnidan turib, qoʻl uzatdi. Sharif beixtiyor qoʻl berdi. Asadbek xayrlashish uchun qoʻl olishdimi yo shartni tasdiqlatdimi — Sharif anglay olmasdan qoldi.

Oradan necha kun oʻtsa ham Asadbekning gaplarini oʻylaydi. Magʻzini chaqmoqchi boʻladi. Hozir zavod toʻrt million soʻm sof daromad oladi. Toʻrtdan biri — demak, million! Yangi usulga oʻtilsa bu yana koʻpayadi. Xorijdan dollar ham oqib keladi. Nima, u millioner boʻladimi? Bunga bir ishonib — koʻngli yayrab ketadi. Bir ishonmay, koʻngliga gʻulgʻula oralaydi. Prokuraturadan Zohidning kelgani haqidagi xabar vujudida mudrayotgan oʻsha gʻulgʻulani uygʻotdi. Garchi Zohid yomonlik qilmagan boʻlsa-da, Sharifda unga nisbatan nafrat zohir edi. U, shubhasizki, Zohidning yuragida qanday dard borligini bilmasdi. Sharif uchun milisa ham, prokuror, tergovchi ham bir — surishtirib oʻtirmay qamaydigan odamlar. Sharif endi ish boshlagan damda, roʻparasidagi qorongʻiliklar chekinib, uzoqdagi tilla choʻqqilar koʻrinib, oʻsha tomon talpinib yashayotgan paytda kasbi qamashu xoʻrlash boʻlmish bu odamni koʻrishni istamas edi. Ammo prokuraturadan kelgan odam uning istagi bilan hisoblashmaydi — shunisi chatoq.

Sharif oʻzi bilan picha olishib oʻtirgach, kotibasini chaqirib, «kiraversin», dedi.

Ularning soʻnggi uchrashuvi qamoqxonada boʻlgan edi. Unda Zohid oʻrnidan siljimaydigan taxta ustol ortida oʻtirardi. Sharif xonaga qoʻllarini orqasiga qilib, oʻlimini boʻyniga olgan odamday qaddini egib kirgan edi. Hozir esa... keng xonada, ustiga toʻrtta telefon qoʻyilgan katta ustol ortida Sharif oʻtiribdi...

Eshikdan Zohid kirib keldi. Orqasida soqchi emas, kotiba koʻrinib, Zohid ichkariga qadam qoʻyishi bilan eshikni yopib oldi. Zohidning qoʻllari orqasida emasdi. Qaddi ham egilmagan, yurishi dadil edi. U «kutib tursin», degan gapni eshitganidayoq boshqonning uchrashuvga hushi yoʻqligini sezgandi. Ichkari kirib, Sharifning qimirlamay oʻtirganini koʻrgach, bir gʻashlandi. Ammo odob yuzasidan salom berdi. Sharif bosh irgʻab alik oldi. Qoʻli bilan roʻparasidagi stulni koʻrsatib, «oʻtiring», degan ishorani qildi. Uning dushmanni kutib olganday qarshilashi Zohid uchun kutilmagan hol edi.
— Eshitaman, — dedi Sharif, Zohidga qarashga botinmay. U tergovchini xushlamay qarshi olgani bilan sarosimadan hali qutulmagan edi. Shu sababli ham unga tik qaray olmadi.

Zohid esa unga tikilib turdi. «Men hali shunga achinuvdimmi? Shuning begunohligini isbotlamoqchi edimmi? Qamoqda chirib ketadigan toʻnka ekan-ku?» deb oʻyladi.

Zohid Jalolshilimshiqning ishi bilan band boʻlsa-da, Sharif Namozov taqdiri, vinzavod atrofidagi hangomalarni oʻrganishdan butunlay voz kechmagan edi. U hali Jalolshilimshiq Asadbekning yaqinlaridan biri boʻlganini bilmaydi. Bilganda edi, «Asadbek lozim boʻlgan mahalda sizni ham shu yigitday oʻldirtirib yuboradi», deb aytarmidi... Zohidning bu dargohga kelishidan maqsadi dastlabki ish boʻyicha haqiqat tagiga yetish. Nima uchundir «Sharif Namozov menga koʻmak beradi», deb oʻylabdi. Odamning bunchalik tez oʻzgarishi mumkinligini hisobga olmabdi.
— Eshitaman, — dedi Sharif bu safar balandroq ovozda.
— Bir tabriklab qoʻyay deb kirdim. Shu koʻchaga yoʻlim tushib qoluvdi.
— Rahmat.
— Toʻyda koʻrinmadingizmi?
— Qaysi toʻyda?
— Asadbek qizini uzatdi-ku, sizni aytmadimi?
— Safarda edim.
— Attang... Zoʻr toʻy sizga nasib etmabdi-da, a? Ishlar qiyin emasmi?
— Shuni soʻragani keldingizmi, boshqa gapingiz yoʻqmi?
— Boshqa gapmi?.. Bor. Qilich Sulaymonov bilan oralaringizda nima gap oʻtgan edi?
— Hech qanaqa gap oʻtmagan.
— Unda nima uchun sizga tuhmat qildi. Ozmuncha pulga kuymadi, boyaqish. Sizning qamalishingiz unga nima uchun zarur boʻlib qolgandi?
— Sulaymonovning ishini siz olib boryapsizmi?

Zohid savoldan kutilgan maqsadni angladi:
— Men Namozovning ishini olib boryapman, — dedi dona-dona qilib.
— Namozovning ishi yopilgan, — dedi Sharif toʻng ohangda.
— Hozircha rasman shunday. Siz koʻcha changitib yurgan kissavur bola emassiz. Olimsiz. Qonunni yaxshi bilasiz. Har qanday ish qayta qoʻzgʻotilishi mumkin, — dedi Zohid, har bir soʻzga alohida-alohida urgʻu berib.
— Oʻsha qayta qoʻzgʻotilganda gaplashamiz.
— Yaxshi niyat, yarim mol, harholda gaplasharkanmiz-ku, — Zohid shunday deb oʻrnidan turdi. — Qamoqxonada siz menda boshqacha taassurot qoldirgan edingiz. Sizni olim odam, ilmdan boshqa narsani tan olmaydigan haqiqatparvar kishi, deb oʻylagan ekanman. Bu dunyoda chin haqiqatparvar odam anqoning urugʻi ekan, shekilli?
— Haqiqatdan hamma gapirganida ham siz gapirmang endi! — dedi Sharif oʻrnidan turib. U Zohidni kuzatish uchun oʻrnidan qoʻzgʻaldimi yo jahli chiqib turib ketdimi, oʻzi ham bilmadi.

Burilib ketmoqchi boʻlgan Zohid ajablanib, unga qaradi:
— Nimaga? Men haqiqatga mos kelmaydigan biron ish qildimmi yo soʻz aytdimmi?
— Begunoh odamni muttahamlarning ichiga tiqib qoʻyish — haqiqatmi?
— Afsuski, laqmalik uchun qamash mumkin emas. Oʻshanda sizni laqmaligingiz uchun tiqib qoʻyish kerak edi. Molday ichib, bilakka qora doridan urdirib, uyda nima ahvol, bilmaysiz. Yaxshi hamki uyingizga qora dori tashlashibdi. Xotiningizni soʻyib, pichoq dastasini qoʻlingizga ushlatib qoʻyishsa nima qilardingiz?

Zohidning gapi Sharifni titratib yubordi.
— Gapirmang! — dedi u jonholatda.
— Shoshilmang, bu ham boʻlib qolar... sizdaqa odamlarni yoʻq qilish choʻt ekanmi? Faqat kasringiz boshqalarga uradi. — Zohid shunday deb eshik tomon yurdi.
— Toʻxtang, siz nimaga shama qilyapsiz?
— Hech nimaga. Oʻzimcha oʻylayapman. Boshingizga baxt qushi qoʻngan ekan, oyogʻidan mahkam ushlang. Jar tepasiga borib qolganingizda attang, demang. Siz oʻynayotgan oʻyinning qonun-qoidalarini men bilmayman. Harholda bu ilm odami oʻynaydigan oʻyin boʻlmasa kerak.

Ilmdan chekingan ikki odam serhasham bir xonada xuddi daryoning ikki qirgʻogʻida turganday gaplashishardi. Ajablanarlisi shundaki, ularning biri haqiqat istab ilmdan uzoqlashdi, ikkinchisi haqiqat yetkazgan jabrlardan bezib, ilmdan yuz oʻgirdi. Qamoqxonadagi uchrashuvda ular ruhan bir-birlariga yaqin edilar. Endi ular orasida olov daryosi bor. Uni kechib oʻtish mumkinmi? Ular yana toʻqnashadilarmi — Xudo biladi.

Zohid chiqib ketdi. Ilmoqli gaplari bilan Sharifning yuragini tirnab ketdi. Haqiqat deb jabr chekkanlari toʻgʻri. Ammo bu jabrning rohati ham bor edi, tan olish kerak. Haqiqatdan chekinmagan odamning ruhi erkin boʻladi. Dard cheksa-da, tiz choʻkmagani uchun ruhi yayraydi. Ana shu rohatdan oʻzi oʻz xohishi bilan voz kechdi. Ammo ruhi uning bu qarori bilan kelisha olmaydi. Zindonda azob chekayotgan bandi kabi nola qilaverdi. Hozir Zohid chiqib ketgach, bu nola yana boshlandi. Sharif oʻrniga oʻtirib, tirsaklarini stolga tirab, boshini changalladi.

Eshikni qiya ochgan kotiba unga ajablanib qarab turdi-da, yengil yoʻtalganday boʻldi. Sharif boshini koʻtarib unga qaradi.
— Telefonga qarang, — dedi kotiba.

Sharif telefon goʻshagini qulogʻiga tutishi bilan Asadbekning ovozini eshitdi:
— Tinchlikmi?
— Tinchlik.
— Tergovchi bola nimaga kelibdi?
— Shunday oʻzi...
— Chaynalmang.
— Sulaymonov bilan oralaringda nima gap oʻtgan edi, deydi.
— Qoʻrqib ketdingizmi? Qoʻrqmang. Bu bola bir oʻlimtik chivin. Chaqib oʻldirmaydi. Faqat gʻingʻillab gʻashingizni keltiradi. Puf desak, chiqqan joyiga kirib ketadi. Omon boʻling.

Asadbek gapni qisqa qildi.

«Darrov qayoqdan bila qoldi, — deb oʻyladi Sharif, — hammayoqqa aygʻoqchi qoʻyib tashlagan shekilli?»

Sharif, Zohid aytganday, goʻl boʻlmaganda, Qilich Sulaymonovning kotibasi nega almashtirildi, deb oʻylab qoʻyardi. Agar biron marta boʻlsin shahar markazidagi uch qavatli uy yertoʻlasidagi videobarga kirganda edi, kotibaning qaerdan kelib qolganini fahm etardi.

Kotiba kirib yaqinginada videobarda koʻpning jonini olgan nozli jilmayishi bilan yangi xoʻjayiniga yaqinlashdi.
— Choy damlab beraymi, Sharifjon aka!

Sharifning dimogʻiga yoqimli atir isi urilib, koʻngli ravshanlashdi.
— Mayli, juda achchiq boʻlmasin, — dedi kotibaga bir qarab olib.

Kotiba ustolning narigi chetidagi choynakni olish uchun orqadan aylanib oʻtmay, Sharifning oldidan qoʻl uzatib egildi. Sharifning dimogʻiga atir isi gupirib urildi. Koʻzi kotibaning siynaband taqilmagan koʻkraklari orasidagi ariqchaga tushib, koʻngli gʻalati boʻlib ketdi. Kotiba hech narsani sezmaganday qaddini rostlab, unga bir ishvali jilmaydi.

2

Birovga yomonlik qilmaydigan odamni «yaxshi odam» deyishadi. Oʻzgalarga yaxshilik qilmovchini-chi? Boshqalarga yaxshilik qilmaydigan odamning yomonlik istovchidan farqi bormi?

Vinzavoddan uzoqlashayotgan Zohid shu savolga javob istar edi. Ustozi Habib Sattorovich ilmga ragʻbati bor, iqtidorli olimga jonini ham berishga tayyor. Oʻzining ishini chetga surib, boshqaga yordam qoʻlini choʻzadi. Bu yaxshilikmi — yaxshilik. Lekin koʻchada birov ochdan shishib oʻlyapti, desangiz, yordam berish uchun chiqmaydi. Oʻsha oʻlayotgan odam olim desangizgina chiqishi mumkin. Bu-chi, bu ham yaxshilikmi yo ablahlikmi? Sharif Namozov ham shu toifadanmi? Xoʻsh, Zohid nima qilishi kerak? Bu olim ochdan emas, toʻqlikdan shishib oʻlishni ma’qul koʻribdi. Unga yordam bersinmi? Yashashga oʻzida ragʻbat boʻlmagan odamni oʻlimdan qutqarib boʻlarkanmi?

Olim odam qanday qilib ilmni mansabga almashtirishi mumkin? Avval mansabga yetishib, soʻng olim degan unvonga erishganlar son mingta. Bu odam esa... Toʻgʻri, boshqon boʻlaturib ham ilmiy ishini davom ettirar. Lekin hozirgi holda ilm yaxshilikka emas, jigʻildonga xizmat qilishi aniq boʻlib turibdi. «Tanlagan kasbining oʻzi mayda edi, — degan qarorga keldi Zohid. — Musallas ishlashning yangi usuli. Kimga kerak bu usul. Yangicha musallas jamiyatni yaxshilashga, tozalashga xizmat qiladimi? Uzumni olding, siqib sharbatini chiqarding, idishning ogʻzini mahkamlab, qorongʻi joyga qoʻyding. Shunga ham ilm kerakmi? Odamlarni aljitish, miyasini suyultirishni ham «ilmiy asosda yoʻlga qoʻyish kerakmi?» Shuni olim dedimmi? Shunga achindimmi? E, ahmoq, Hamdam akaning gaplariga kirishim kerak edi. Hamdam akaga oʻxshab bu odamning qorniga bir tepmaymanmi, joni ogʻrib turganida jinoyatini boʻyniga qoʻyib, qogʻozga imzo chekdirib olmaymanmi...»

Zohid yoʻlga oq poyandozday toʻshalgan qorni gʻichirlatib bosib picha yurgach, pishqirib toʻxtagan avtobusga chiqdi.

Oʻzi ishlagan xonaga kirganida Hamdam Tolipov deraza tokchasiga oʻtirib olib sigaret tutatardi. Xona tutunga toʻlib ketgan, demak, Hamdam anchadan beri shu yerda, balki kimnidir soʻroq qilgandir. Balki kimdir yaqinginada tepki yeb chiqib ketgandir...
— Ha, odil prokuror, ishlar qalay? — dedi Hamdam oʻtirgan yerida qoʻl uzatib. — Haqiqat oʻrnatib boʻldingmi?
— Oʻrnatyapman, — dedi Zohid, jilmayishga harakat qilib.
— Oʻrnataver. Bizam bi-ir yayrab yashaylik.
— Kayfiyat yoʻqmi? Nima boʻldi?
— Kayfiyat joyida. Bu dunyoda haromilar bor ekan, kayfiyat joyida boʻladi. Sen haqiqatni oʻrnatganingdan keyin ishsiz siqilib, kayfiyatim buziladi,— Hamdam shunday deb choʻntagidan daftarcha chiqardi. — Yozib ol: Sherqoʻziev. Taksoparkda yigirma ikki yildan beri ishlaydi. Komilovni aeroportda oxirgi marta shu odam koʻrgan. Komilov ikkita kavkazlik yigit bilan savdoni pishitayotganda yonida boʻlgan. Komilov ularni naqd ikki yuzga tushirib, soat toʻrtlarda Chimkentga qarab joʻnagan.
— Chimkentga? Unda Chinoz yoʻliga qanday borib qolgan? Balki Sherqoʻziev yanglishgandir?
— Chimkentgaligini aniq biladi. Yoʻlda kavkazliklar adashibmiz, bizga Chinoz kerak ekan, deyishi mumkinmasmi? U laqma esa bundan xursand boʻladi. Harholda Chinoz yaqinroqda. Balki yana besh-oʻn soʻm qoʻshishni talab qilgandir, ular koʻnishgandir.
— Sherqoʻziev uni tanir ekanmi?
— Oʻsha kuni tanishibdi. Qarasa, mashina oʻzi ishlaydigan taksoparkniki, «Oshna, qachon keldingiz?» deb soʻrabdi. «Yaqinda keldim», debdi. «Moshin yangi-ku, qanday undirdingiz? Biz uch yildan beri kutaverib sargʻayib ketdik», debdi. Komilov «sargʻaymaslik uchun tuzukroq uzatish kerak edi», debdi. Sherqoʻziev shunga hayron. Xoʻjayinlarga beradiganini berib qoʻygan ekan. Mashina biqiniga «ijara pudrati», deb yozilgan ekan. Taksopark xoʻjayinlari esa bunday emas, deb turishibdi.
— Oʻgʻirlanganmi?
— Yangi mashina oʻgʻirlansa, ular jim oʻtirisharmidi? Bu yerda toʻdalarning qoʻli borligi sezilib turibdi. Asadbekmi, Hosilboyvachchami, Markanyanmi?.. Kim olgan mashinani? Komilov kimning xizmatkori? Ha, Sherqoʻzievning gapiga qaraganda Komilov Sibirdagi jononlarning qiliqlarini ta’riflab bergan ekan. U Sibirda nima qilgan? Gastrolga borganmi? Gap kavlasang, savol qaynab chiqaveradi. Sen unga javob topa olmasang kerak.
— Shu darajada noshudmanmi?

Hamdam deraza tokchasidagi «shohsupasi»dan tushib, Zohidni yelkasiga yengil musht urib qoʻydi.
— Gap sening noshudligingda emas. Bu chigalni hatto ulugʻlar ulugʻi Hamdam Tolipov ham yecha olmaydi,— u shunday deb kulib qoʻydi. — Koʻnglim sezib turibdi, bu toʻdaning ishi. Toʻgʻri, yogʻochning uchta emas, ikkita uchi boʻladi. Bir yogʻini bossang, ikkinchi tomoni kelib peshonangga uriladi. Yo yaqin kunlar ichi toʻdalarning oʻzi keraksiz bir odamini qotil qilib koʻrsatib, senga roʻpara qiladi, yo «ochilmagan ishlar» roʻyxati bittaga koʻpayib, sen xoʻjayining oldida noshud xodim sifatida qaddingni keri-ib turasan.

Hamdam gapini hazilga burmoqchi edi, eplolmadi. Tabiatan keskinroq odamning kayfiyati buzilib turgan paytda hazil qilishi tuyaning balet raqsiga tushishiday boʻlar ekan. Hamdamning bunaqa hazillari Zohidga yangilik emas. Hamdam oʻz yogʻiga oʻzi qovurilib turgan paytda oldindan kelgan odamni tishlaydi, orqadan kelganni tepadi, ayamaydi. Faqat marhamat qilsagina hozirgiday hazillashib qoʻyadi.

Oʻxshatmasdan uchratmas, deganlariday Zohidning kayfiyati ham oʻzingizga ma’lum. Sharif Namozovning gaplari, qiligʻidan tamom gangigan Zohidga Hamdamning hazili malol keldi.
— Toʻda, toʻda, deysiz nuqul. Shunchalik joningizni olib qoʻyganmi ular? Kim oʻzi ular — odammi yo devmi?

Hamdam roʻparasidagi jizzaki yigitni endi koʻrayotganday qattiq tikildi.
— Ularning kimligini bilmaysanmi? Ular odam ham, dev ham emas. Ular ajdarho. Yuz boshli ajdarho. Ammo tanasi, qorni bitta. Ular quvvatni qaerdan oladi, bilasanmi? — Hamdam koʻrsatkich barmogʻini yuqoriga niqtadi. — Ajdarhoning joni saqlanadigan quticha oʻsha yerda. Toʻdalarga faqat oʻshalar bas kela oladi. Sen ajdarhoning boshlarini nima bilan uzmoqchisan, quruq gap bilanmi? Yo «bu dunyoda adolat degan gaplar ham bo-or», deb ajdarhoning qulogʻiga azon aytasanmi? Oʻshalar, — Hamdam barmogʻini yana yuqoriga nuqdi, — qoʻlingga oʻtkir qilich ham berishi mumkin. Sen borib ajdarhoning bitta boshini uzasan. Senga rahmat aytishadi. Gazitda suratingni chiqarishadi. Yuzta boshdan toʻqson toʻqqizta qoladimi shunda? Bekorlarni aytibsan. Sen uzib tashlagan bosh oʻrniga darrov boshqasini qoʻyishadi.
— Falsafadan dars berishga arziydigan domla boʻlib qolibsiz, — dedi Zohid, piching bilan.
— Oʻgʻrivachchalarni quvlab yurgan odamning falsafasi ham shunaqa mayda boʻladi. Senga achinganimdan bi-ir gapirib qoʻyaman-da. U yerda kosang oqarmaydi. Faqir kishi panada boʻlgani ma’qul-da. Adolat qilishingga ular yoʻl berishmaydi. Gʻirrom ishlarga esa sening vijdoning yoʻl qoʻymaydi. Ikki oʻt orasida qovurilib yuraverasan. Mana, oldingi ishing nima boʻldi? Ovsarga oʻxshab ogʻzingni ochib qolaverding.
— Endi oshirvordingiz, aka. Gap deb gapiraverar ekansiz-da. Ogʻzimni ochib qolganim yoʻq. Ilonning dumini koʻrib turibman.
— Zoʻrsan-ku! — Hamdam qoyil qolgan odamday koʻzlarini katta-katta ochib, Zohidga qaradi.
— Masxara qilmang. Sizga toʻgʻrisini aytyapman.
— Ilonning dumini koʻrib nima qilasan? — Hamdam endi oshkora piching bilan gap boshladi. — Ilon kavagiga kirib ketishi mumkin. Siz kavak ogʻzida poylab oʻtiraverasiz, ilon esa doʻngning narigi tomonidagi kavakdan chiqib ishini qilaveradi. Qochmasin, deb dumini bossangiz, nima boʻlishini bilasiz-a? Ha, chaqadi!

Zohid bu gaplarni toqat bilan eshitdi. Hamdam hayajonini bir oz bosib olgach, vinzavodga kirganini aytdi.
— Ana, koʻrdingmi! Bu marazga rahming keluvdi. Shuni deb Asadbek bilan olishmoqchi eding. Shuni deb oʻlib ketsang, ammo juda xafa boʻlardim. — Hamdam ustol ustidagi qora daftarchani olib varaqladi. Kerakli sahifani ochgach, telefon goʻshagini koʻtarib, raqam terdi. — Allo, vinzavodmi, singlim, menga direktor oʻrtoq Namozov keraklar. Polkovnik Musaxoʻjaevman. Majlis tugashini kutishga vaqtim yoʻq. — Hamdam «hozir boplayman», deganday Zohidga koʻz qisib qoʻydi. — Oʻrtoq, Namozov, salom. Polkovnik Musaxoʻjaevman. Turmadan beshta jinoyatchi qochganini eshitdingizmi? Gazit oʻqiysizmi oʻzi, hammayoqda shov-shuv-ku? Nega aloqasi boʻlmasin, sizga ham aloqasi bor uchun telefon qilyapman. Kecha kechasi turmani kavlab beshta xavfli jinoyatchi qochgan. Ular orasida Qilich Sulaymonov ham bor. Taniysiz-a uni? Xullas, u kimdandir oʻch olishini aytgan ekan. Kimlarni nazarda tutganini bilmaymiz. Lekin har ehtimolga qarshi sizni ogohlantirib qoʻyamiz. Agar uni koʻrib qolsangiz, darrov bizga xabar qiling. Xoʻp, xayr.

Hamdam goʻshakni joyiga qoʻyib, jilmaydi.
— Dovdir. «Albatta qoʻngʻiroq qilaman», deydi. Kimga, qanday telefon qiladi, ovsar. Dushman uyasiga gʻulgʻula solib qoʻydim. Hozir qoʻngʻiroqlar boshlanadi. Milisaga, prokuraturaga, turmaga... Tasavvur qilyapsanmi? Oyogʻi kuygan tovuqday boʻlishadi. Shuni bi-ir tomosha qilsang, xumordan chiqsang.
— Bekor qildingiz, foydasi bormi?
— Foydasi bor. Hech boʻlmasa koʻngil, — Hamdam koʻkragiga yengil mushtladi, — taskin topadi. Bu itdan tarqalganlarni giribonidan ushlab oʻtqizib qoʻyish qoʻlimizdan kelmaganidan keyin iniga bir marta choʻp suqib qoʻysak yomonmi? Hadeb biz kuyib-yonib yuraveramizmi? Ular ham bir kuysin.
— Baribir bekorchi ish bu.
— Vey, menga qara, prokuror. Sen ishingni oʻzgartir. Sen jensovetga rais boʻlib bor. Sening joying oʻsha yerda, ha!

XVI bob

1

Asadbek toʻydan keyin bir oz halovat toparman, deb oʻylagan edi. Qiz uzatgan odamda halovat boʻlmasligini u qayoqdan ham bilsin! Qiz kuyovnikiga ketar oldidan otasi huzuriga bosh egib keluvi, otaning esa duo qiluvi rasm edi. Zaynabni shu rasmga binoan boshlab keldilar, ammo oʻz hovlisida emas, restoran ostonasida, mast-alast nigohlar guvohligida duo qilmogʻi lozim boʻldi. U koʻp yaxshi niyatlarni diliga tugib qoʻygan edi. Qizining moʻ’minlik bilan bosh egib kelayotganini koʻrganidayoq hushi uchdi, tomogʻiga bir nima tiqildi. U onasining oʻlimidan soʻng koʻziga yosh olmagan edi. Hozir yigʻlagisi keldi. Qizi bir qadam berida toʻxtadi. Asadbek otasini quchoqlab yigʻlagan qizlarni koʻrgan, oʻz qizining ham shunday qilishini kutib edi. Baxtiga bunday boʻlmadi. Asadbek avvaliga «nima uchun toʻxtab qoldi?» deb ajablandi. Keyin «yaxshi boʻldi, yigʻlasa men ham oʻzimni tutib turolmas edim» dedi-da, fotihaga qoʻl ochdi. Hayajon oʻylab qoʻygan gaplarini toʻzitib yuborgan edi. Oʻylashga, gap topishga fursat yoʻq — yuzlab qoʻllar duoga ochilib, yuzlab koʻzlar unga tikilgan, «Baxtli boʻlgin, qizim», deyishdan oʻzga soʻz topolmadi. Qiziga yaqinlashib, peshonasidan oʻpdi.

Qizi Asadbek yuragining bir parchasini yulib olib ketdi.

Shundan beri xayoli qizida. Eshik tiq etsa xavotir bilan qaraydi. Telefon jiringlasa ham yuragi bir toʻlqin uradi. Nazarida qizi sharmandalik yukini ortmoqlab, koʻzyoshini toʻkib, faryod urib kirib kelayotganday tuyulaveradi.

A’yonlari uch-toʻrt kun dam oling, deyishganida koʻngan edi. Birinchi kuniyoq uyda qolish dam emas, azob ekanini his qilib shahar markazidagi qarorgohiga joʻnavordi. Bugun ham ertalabdan saroymonand xonasida a’yonlarini kutmoqda edi.

Chuvrindi Samarqandga shirinsuv korxonasini ishga tushirishga, Kesakpolvon esa Margʻilondagi muzqaymoq korxonasining nima sababdan toʻxtab qolganini aniqlash maqsadida ketishgan edi.

Asadbek xonasiga kirishi bilan hisobchini chaqirdi. Videobarning oʻng tomonidagi xona hisobchiniki. Yapon anjomlari bilan ish yurituvchi hisobchi Asadbekni qiziqtirgan har qanday ma’lumotni bir lahzada yetkazadi. Bu safar ham shunday boʻldi. Viloyatlarga tariqday sochilgan, koʻrinishi nazarga tushmas darajada kichik, ammo foydasi katta korxonalaridan xazinaga pul avvalgiday oqib turibdi. Asadbek vinzavod masalasini hal qilib olgach, bu xoʻjalikni teng ikkiga boʻlib, a’yonlarga berishni niyat qilgan. A’yonlar buni bilishadi. Shu sababli korxonalardan hamisha boxabar boʻlib turishadi.

Asadbek hisobchining axborotidan koʻngli toʻlib oʻtirganida telefon jiringladi. Qoʻshni xonadagi qizlardan biri yoqimli ovozi bilan gapirib, vinzavod direktori yoʻqlayotganini bildirdi. Asadbek moviy telefon goʻshagini koʻtardi. Ikki soatcha ilgari vinzavoddagi odamlar prokuror kelganini bildirishgan, Asadbek, «Qoʻrqmang, biz hammasidan xabardormiz», degan mazmunda koʻngliga dalda bergan edi. «Bunga yana nima jin tegdi», degan xayolda goʻshakni qulogʻiga tutdi. Sharifning xavotirga tushganini ovozi oshkor qilib turardi. U Qilich Sulaymonovning qamoqdan qochganini aytgach, Asadbek:
— Boʻlishi mumkin emas! — dedi keskin. — Kim telefon qildi?
— Polkovnik Musaxoʻjaev degan odam.
— Qaerdan?
— Milisadan boʻlsa kerak.
— Nima koʻp, milisaning idorasi koʻp. Nima koʻp polkovnik koʻp.
— Toʻgʻri... lekin Musaxoʻjaev bittadir?

«Yana aql oʻrgatadi-ya», deb gʻijindi Asadbek.
— Vahima qilavermang. Qilich Sulaymonovdan oʻnta boʻlsa ham qoʻrqmang.

Asadbek igʻvoning isini tuygan boʻlsa ham, kerakli bir joyga qoʻngʻiroq qilib, aniqlab berishni topshirdi.

«Qilichning qochishi hecham mumkinmas. Xohlasa shunday ham chiqib keladi. Yo Hosil aralashdimi? Qochganlar uning odamlari boʻlsa, balki shu gap ham toʻgʻri chiqar. Bu boyvachchaning qimirlashi yaxshi boʻlmayapti. Qilichni oʻtqazib qoʻyib bekor qildimmi?..»

Chorak soatga qolmay hammasi ayon boʻldi. Qamoqdan besh kishi qochgani toʻgʻri, lekin Qilich Sulaymonov joyida edi. Polkovnik Musaxoʻjaev degan odam esa yoʻq. Demak, igʻvo! Kimga kerak bu igʻvo? Maqsad Sharifni qoʻrqitib qoʻya qolishmi? Yo Asadbek saltanatiga tosh otib, gʻashiga tegishmi? Kim boʻlsa ham nozik joyidan olgan. Begonaning ishi emas bu. Asadbek bir toʻxtamga kelishga ulgurmay Hosilboyvachcha qoʻngʻiroq qildi.
— Akaxon, toʻyning charchoqlari chiqay dedimi? Ammo olamjahon zoʻr toʻy qildingiz-da! Hormang, deb supraqoqdiga borishga vaqt boʻlmadi. Toʻyingizning ertasiga Fargʻonaga joʻnab qoldim. Bugun qaytdimu okaxonni bir yoʻqlab qoʻyay, dedim.
— Tinchlikmi? — dedi Asadbek.
— Gʻalvali ishlar bor. Koʻrishganda aytaman.
— «Kamaz»ga ketganlardan darak bormi? Qoʻlidan ish keladigan bolalarmidi oʻzi?
— Bu yogʻiga xotirjam boʻling, okaxon. Oʻnta «Kamaz» sizniki. Shu hafta ichi yetkazib kelishmasa, basharamga tuflang.
— Sizday ukaxonlarga ishonmasak, kimga ishonamiz, shunchaki soʻrab qoʻydim-da.
— Ammo, toʻyingiz jannatning toʻyidek boʻldi-da! Biz ham shunday toʻylarga yetaylik, deb niyat qildik. Endi kichkinagina bir maslahatli ish bor. Kuyovingizga bir xizmatcha chiqib turibdi. Bir qadrdonimiz toʻy...
— Hosilboy, jigarim, bunaqa gaplarni oʻziga ayting... Men «amma-xolasi havodor», deb oʻtiradigan dasturxonchi emasman, shekilli?
— Uzr, okaxon, avval oldingizdan oʻtay devdimda...

Hosilboyvachcha uzr ayta-ayta xayrlashdi. Asadbek goʻshakni joyiga qoʻyib, soʻkindi. «Hayvon-e, — dedi u, — endi kalaka qilishni boshladimi? Nima demoqchi? Otarchiga qiz berib, uning gumashtasiga aylanding, demoqchimi?.. Maqsad nima? Elchinni toʻyga aytishmi? Undan mashhurroq otarchilar turganda-ya? Ha, tulki! Elchinni toʻyga olib borib, kalaka qiladi. «Koʻrib qoʻylaring, Asadbekning kuyovi kerak boʻlsa oyogʻimni oʻpadi», deydimi? Nima uchun qoʻngʻiroq qildi oʻzi? Maqsad shuni soʻrashmidi yo holimdan xabar olmoqchimidi? Sharifga shuning odamlari telefon qilmaganmi? Bu gʻalva kimga kerak?»

Asadbek shu toʻxtamga keldi. Katta urushlarning mayda qitmirliklardan boshlanishi unga ma’lum. Hosilboyvachchaning yagona hokim boʻlishga tirishishi ham unga sir emas. U tulki urushni oʻzi boshlamaydi. Birinchi boʻlib qoʻl koʻtarishga Asadbekni majbur qiladi. «Qani, gʻimirlayver-chi...» Asadbek shunday deb gʻijinib, oʻtirgan yerida Boʻtqani chaqirdi.
— Jamshid shu yerdami, ayt, otarchini... Elchin akangni topib kelsin.
— Xoʻp boʻladi, Bek aka, okaxon kelgandilar, — Boʻtqa shunday deb xushxabar yetkazganday jilmaydi.
— Qaysi «okaxon»?
— Jalil akamiz-da.
— Oʻzimi?
— Koʻchada ikkita chol turibdi, birga kelishdi.
— Qani, chaqir-chi.

Jalil bir oz kutib qolganmi, tumtayganroq koʻrinishda kirib keldi. Asadbek uni oʻrnidan turib qarshiladi.
— Kiravermay, oʻtirdingmi? — dedi Asadbek. — Bunaqa odating yoʻgʻidi-ku?
— Hurmating bor, oshnam. Biz bir bekorchi odam boʻlsak, — u shunday deb qoʻltigʻiga qistirib olgan eski gazitga oʻrogʻlik narsani uzatdi. — Toʻyga kelolmadim. Yaxshi oʻtkazib oldingmi?

Asadbek kulimsirab gazitni ocha boshladi. Jalil nima keltirganini u bilardi. Bilsa ham doʻstining koʻngli uchun ochishga majbur edi. Ochmasa Jalil bobillab berishi tayin. Eski gazitga eski kalish oʻralgan edi. Bu oʻsha eski falsafa — sudrab yurgan chorigʻingni unutma.
— Toʻyga kelmaganingga gina qilib oʻtiruvdim, tinchlikmi oʻzi, nimaga kelmading?
— Sen meni toʻyga aytdingmi? — Jalil ovozini bir parda koʻtardi.
— Birinchi boʻlib senga xabar berdirganman.
— Katta boʻlsang oʻzingga, bu birinchidan, boyvachcha boʻlsang ham oʻzingga, bu ikkinchidan, xoʻpmi! Laychalaringni yuborib toʻyga ayttirdingmi? Oʻzingning oyogʻing yetmadimi?
— Endi oshna, toʻychilik, shoshib qolarkansan.
— Oʻzingga oʻxshagan boyvachchalarni aytishga shoshmagandirsan?
— Xoʻp, tavba qildim, men ahmoqman, — Asadbek ham ovozini koʻtardi, — oʻzim bormabman. Oshna degan eshitsa kelaveradi. Ogʻaynisining yonida dalda boʻlib, qoʻl qovushtirib turadi.
— Ha, boʻpti, qoʻrqqan oldin musht koʻtarar, deb jirillayverma. Nimaga kelding, deb soʻramaysan-mi?
— Bir gʻalvani boshlab kelgansan-da, koʻchadagi chollar kim?
— Soli ota bilan Joʻra choʻloq.
— Joʻra choʻlogʻing kim?
— Yaqinda kelgan. Sobir qozoqning uyini sotib olgan. Tanimasang kerak uni.
— Nima ishlari bor ekan?
— Men aytaymi, oʻzlaridan eshitasanmi?
— Chaqir.

Asadbek Jalilning izidan chiqib, oqsoqollarni videobarda kutib oldi-da, toʻrt kishiga moʻljallangan ustolga boshladi. Boʻtqa buyruqni kutmayoq, dasturxon bezadi. Qariyalar yertoʻla ham shunaqa ajoyibxonaga aylantirilishi mumkin ekan, deb hayratlanib oʻtirishdi. Bir piyoladan choy ichilgach, Soli ota deganlari ohista soʻz boshladi:
— Endi oʻgʻlim, biz otang rahmatli bilan vaqtida oshnachilik qilganmiz. Toʻgʻri odam edi. Birovning koʻnglini ogʻritmasdi.
— Joyi jannatda boʻlsin, — deb gap qistirdi Joʻra choʻloq deganlari. Soli ota «gap qoʻshmay turing», deganday unga qarab oldi.
— Gap shuki, oʻgʻlim, sizdan ham rozimiz. Mahallaga xizmatlar qilib berdingiz. Xizmatlaringizni unutmaymiz. Ammo bir ishingizdan norozimiz, shuni aytgani keldik.
— Koʻpchilik norozi, yaxshi ish qilmabsiz, — dedi Joʻra choʻloq.

Asadbek ajablanib, Jalilga qaradi. U «hozir oʻzing eshitasan», deganday im qoqdi.
— Oʻgʻlim, bilasiz, mahallamiz eski, toʻkilaman, deb turibdi. Bitta katalakdekkina uyda oʻnta oila. Bolalarimiz turmush qurib oʻz uylariga sigʻmay ijaralarda oʻtirishibdi. Bu eskilar qachon buzilarkin, qachon bizga ham uy tegarkin, deb kutaverib sargʻayib ketdik.
— Bunaqada sil boʻlib ketish hech gapmas, — dedi Joʻra choʻloq. Soli ota unga yana bir marta norozi qiyofada qarab oldi.

Asadbek bu tashrif tashabbusi Soli otadan emas, aynan shu choʻloqdan chiqqanini anglab, gʻijindi. Uzoqdan boshlangan gap mohiyatiga yetguncha toqat qildi.
— Gapning indallosi shuki, oʻgʻlim, bultur uylar buziladi, deb oʻlchab-netib ketishuvdi. Endi eshitsak, buzilmasmish. Uzunquloq gaplarga qaraganda sen toʻxtatgan emishsan.
— Menmi? — Asadbek ajablandi. — Kim aytdi?
— Shamol boʻlmasa, daraxtning uchi qimirlamay-di, — dedi Joʻra choʻloq.

Asadbek unga qovoq uyub qaradi:
— Oʻsha shamol qayoqdan keldi?
— Endi eshitdik-da, oʻgʻlim. «Ota-onam yashagan uyni buzdirmayman» deganmishsan. Bir jihatdan sen haqsan. Mening ham koʻzim qiymaydi. Sakson yildan beri koʻrganim shu mahalla. Oʻligim shu uyimdan chiqsa armonim yoʻq edi. Lekin ilojim qancha? Bolalarimga achinaman. Qoʻlim kaltalik qilib, tuzukroq uy-joy eplab berolmadim. Nochorman-da...
— Soli ota, siz shu gaplarga ishondingizmi? Hukumat buzaman desa, mendan soʻrab oʻtirarkanmi? Men hukumatga kimman? Hech kimman! Odamlar gapiraveradi-da.
— Odamlar ahmoq emas, boʻlar-boʻlmasga gapiraverishmaydi, — dedi Joʻra choʻloq. — Sizning kimligingizni bilamiz. Qayoqqa qoʻl uzatsangiz yetadi.
— Shunaqami?! — Asadbek qoʻlidagi piyolani ustol ustiga taq etib qoʻydi. Joʻra choʻloqqa gʻazab bilan tikildi.

Jalil ham, Soli ota ham ish buzilganini fahmlashdi.
— Mayli, oʻgʻlim, xafa boʻlma, odamlarning ogʻziga elak tutib boʻlmaydi-da, — dedi Soli ota vaziyatni yumshatishga harakat qilib. Ammo gʻisht qolipdan koʻchgan, suhbatni davom ettirishning hojati yoʻq edi.

Asadbek bir koʻngli Boʻtqani chaqirtirgisi, bu choʻloqni koʻchaga uloqtirgisi keldi. Yonida oʻtirgan Jalil «oʻzingni bos», degan ma’noda soniga turtib qoʻymaganida balki shunday qilardi ham. Biroq, faqat jisman emas, aqlan ham oqsoq boʻlganlar valdiraganida jim oʻtirolmas edi. Bunaqalarning «Bopladimmi!» deb chiqib ketishiga yoʻl qoʻya olmas edi.
— Sen kimsan oʻzing? — dedi Asadbek, Soli otaning gapiga parvo qilmay. Uning dabdurustdan sansirashga oʻtishi Joʻra choʻloqni andak dovdiratdi. U javobga ogʻiz juftlamay turib, savol yana takrorlandi: — Oʻzing kimsan, deyapman. Mahallaga bitta tosh qoʻyganmisan? Kecha kelib bugun hammayoqni sasitib yurgan senmisan, hali?! Soli ota, it yetaklab yurish odatingiz yoʻq edi-ku, qariganingizda sizga nima boʻldi? Bu agar mahallaga sigʻmayotgan boʻlsa ketiga bir tepish kerak, chiqqan joyiga kirib ketsin.

Jalil tizzasi bilan yana soniga turtdi.
— Boʻldi, qoʻy endi, — dedi.
— Sen jim oʻtir. Kimligimni bu bilmasa sen bilasan-ku? Shunaqa deyishsa, boshlab kelaverdingmi? Agar qoʻlimdan kelsa... buzdirtirmayman mahallani! Hammayoq buzilib boʻldi. Bitta mahalla qolsin. Ammo mana buni, — Asadbek koʻrsatkich barmogʻi bilan Joʻra choʻloqni koʻrsatdi, — yoʻqotinglar. Mahallaga begona aralashmasin.
— Siz...

Joʻra choʻloqning gapi ogʻzida qoldi. Soli ota duoga qoʻl ochdi.

2

Asadbek igʻvo qilinganini, Qilich Sulaymonov qamoqda oʻtirganini aytganidan keyin ham Sharif tinchimadi. Esi ogʻib qolgan odamday xonasida u yoqdan-bu yoqqa borib kelaverdi. «Nimaga igʻvo qilishadi, kim igʻvo qiladi?» degan savol miyasiga oʻrnashib olib tinchini buzdi. Telefon qoʻngʻiroqlariga ham javob bermadi. Kotiba birinchi marta eshik ochib, ajablandi. Ikkinchisida «jinniroq odammi bu», deb choʻchidi.

Sharif xonasiga sigʻmadi. Paltosini kiyib uyiga ketdi. Qamoqdan qaytgan kunning ertasigayoq oʻzi uchun ham kutilmagan bir tarzda hovlisida qurilish boshlangan edi. Ikkita agʻdarma mashina pishiq gʻisht tashlab ketganida «shoʻpirlar adashdi-yov», deb oʻyladi. Soʻng toʻrt kishi gʻishtni hovliga tashiy boshladi. Soʻng taxta keldi. Mardikorlar Sharifning savoliga faqat yelka qisishdi. «Bizga pul berib buyurishdi, biz ishlayapmiz», deyishdan nariga oʻtishmadi. Bu harakatlar Asadbekning himmati tufayli boʻlayotganini keyinroq bildi. Undan koʻra koʻproq Nasiba xavotirga tushdi. Erining qamalishi, pul soʻrab yozilgan xat, soʻng toʻsatdan ozod boʻlishi, keyin qurilish... vinzavodga boshqon boʻlish... Har qanday ayolning esini oʻgʻirlashi turgan gap. Ayollarning sochi uzun, aqli kalta, deganlar ularning koʻngli sezgir boʻlishini hisobga olmagan boʻlsalar kerak. Xonadonlari boshi uzra yopirilib kelayotgan abri baloni erlardan avvalroq sezadilar. Sezadilar-u, uni qaytarishga ojizlik qiladilar. Nasiba erining yomon bir oʻyinga aralashib qolganini sezib turardi, ammo uni bu oʻyin girdobidan chiqarib olishga qurbi yetmasdi. Qurilishni qanday toʻxtatsin, qanday qilib vinzavod boshqonligidan boʻshatsin? Shuncha yil kamtar hayot kechirib, birdaniga dabdaba boshlanishi mahalla nazaridan chetda qolarkanmi? «Bosib qoʻygan pullari bor ekan, pismiqlar!» deyishadimi yo «vinzavodga xoʻjayin boʻlib bosar-tusarini bilmay qoldi», deb gap tarqatishadimi? Nechta odam kerakli joylarga xat ham joʻnatgandir...

Nasiba bexos kirib kelgan erini koʻrib ajablandi. Oqargan yuziga qarab «toblari qochibdi», deb oʻyladi.
— Ustalar qani? — dedi Sharif, xotinining salomiga alik olmay.
— Kelishmadi. Kecha «sovuqda gʻisht termaganimiz ma’qul», deyishuvdi.
— He, noshud! Shularni ham eplab ishga solmagin! Bunaqada yuz yilda ham bitmaydi uying.
— Voy, men ularga xoʻjayinmanmi?..
— Ogʻzingni ochib oʻtiraver. Katalakday uyda katta boʻlgansan. Senga odambashara uyning keragi yoʻq. Oʻtiraver!

Nasiba erining avzoyi buzilganini bilib, bitta gapdan qola qoldi. Er gʻazab otiga minib, qilich yalangʻochlagan mahalda xotinga qiyin. Erga peshma-pesh gap topib berib tursa yo kaltak yeydi, yo uydan haydaladi. Bitta gapdan qolsa yana yomon — xotindan javob qaytmagach, erning gʻazab toshlari ichida qolib, qiynab yuboradi. «Nimaga tumtayib olding, gaplarim yoqmadimi?» deb boshqa tomonga hujumga oʻtadi.

Hozir ham shunday boʻldi. Sharif bisotidagi baqiriqlarni ishlatib boʻlgunicha Nasiba indamay turaverdi. Keyin uyga kirishdi. Sharifning nazarida uy isib, dimiqib ketgan ekan. Nasiba bu uchun ham gap eshitdi. Sharif tajribaxonasiga kirib bir piyola oʻtkir musallasdan ichgach, hovuri sal bosildi. «Nasibaga nima uchun baqirdim?» degan savol uni insof koʻchasiga qaytardi.

Nasiba hozir turib ketadiganday divanda omonat oʻtirar edi. Sharif uning yonidan joy oldi.
— Boʻldimi? — dedi Nasiba, zardali ovoz bilan. — Nafsingiz orom oldimi?

Bir tomon oʻqlarini otib tamom qilgan, endi ikkinchi tomonning qarshi hujumga oʻtishi uchun sharoit yetilgan edi.
— Hm, gaplarim yoqmadimi? — dedi Sharif, chekinish niyati yoʻqligini ma’lum qilib.
— Yoqdi, moyday yoqdi. Nima boʻldi oʻzi?
— Hech nima. Ustalarga javob berib yuborganingni...
— Ustalarga men javob beribmanmi? Ustalar ishlasa ham baribir, alamingizni mendan olardingiz. Ayting, nima boʻldi?

Endi chekinmasa boʻlmaydi. Itning fe’li egasiga ma’lum, deganlariday, Nasiba erining odatini biladi. Qachonki, ishxonada yo koʻchada noxushlikka duch kelsa, alamini uydan oladi, keyin hasratini toʻkadi.
— Meni ham odam qatoriga qoʻshishibdi, — Sharif hazil ohangida gapirmoqchi edi, uddalay olmadi. Soʻzlari labidan titrabroq uchdi. — Bittasi telefon qilib, «Sulaymonov qamoqdan qochdi», deydi.
— Ado boʻlsin, qochsa sizga nima?

Sharif «u seni oʻldirmoqchi» degan gapni aytmadi. Aytsa, Nasiba vahimaga tushishi mumkin edi.
— Qochmagan ekan, igʻvo qilishibdi.
— Voy, adasi, bu ishlar menga sirayam yoqmayapti. Qoʻying hammasini, tinchgina oʻtiraylik.

Chekinish tadorigi aldamchi ekan. Musallasga aldangan gʻazab birdan bosh koʻtardi. Xotinining dildan kuyinib aytgan gapi unga gʻarazday boʻlib tuyuldi.
— Sen tinchgina oʻtir. Boshqalar mening boshim- ga chiqib olib istagan noma’qulchiligini qilaversin, a?!

Qarshi tomon javob bermay, yana ma’sumalik libosiga oʻrandi. Sharif shart oʻrnidan turib tajribaxonasiga qarab yurdi. Nasiba chuqur uf tortib qoʻydi. Sharif bir piyolaga qanoat qilmay, yana bittasini boʻshatgach, xonasiga qaytdi.
— Men kimman, bilasanmi? — dedi xotini oldiga kelib. Nasiba «kimsiz?» deganday unga qaradi-yu, yana indamadi. Savolga Sharifning oʻzi javob berdi: — Men olimman! Meni chet el ham biladi! Qaysi akademigingning orqasidan chet elliklar yuribdi. Bu akademiklaring, doʻkturlaring chet elga borib qolsa, ularga it qaramaydi. Chunki ularda ilm yoʻq. Menda ilm bor. Lekin suyanadigan togʻim yoʻq! Endi togʻ topildi. Odamlar nima desa deyaversin. Men faqat oʻsha toqqa suyanaman. Namozovning kimligini bilib qoʻyishsin. Men ham oʻsha yoʻlimni toʻsgan akademiklaringga tupurib oʻtaman. Endi tinch oʻtirish yoʻq, bilib qoʻy. Tinch yurib topganim qamoq boʻldimi? Qamoqda chirib ketishim kerakmidi?

Shu payt qornida kuchli ogʻriq qoʻzgʻalib, gapini davom ettirolmay qoldi. Bukchayib, oʻxchidi. Nasiba chaqqon turib, erini yelkalarini ushlab, divanga yotqizdi-da, xapdori berdi.
— Nasib, bu gʻalvalar oʻtkinchi. Biz ham odamlarga oʻxshab yashaylik-da.

Nasiba eriga qarab bosh chayqadi.
— Shu paytgacha odamga oʻxshab yashayatuvdik...

3

Jamshid bu xonadonga necha marta kelgan boʻlsa, har safar eshik ochiq boʻladi. Shu sababli jingʻiroqni chalib oʻtirmay, toʻgʻri hovliga kirib boraverardi. Bu gal ham shunday qildi. Hovlini bosib oʻtib, uyga yaqinlashdi-da, «Hofiz aka!» deb chaqirdi.

Elchin uyida yoʻq edi. Videoda hindcha tamosha koʻrib oʻtirgan Zaynab yuragi siqilib oʻrnidan turgan, bu onda deraza yonida edi. Tamoshada ikki oshiqning qovushganini koʻrib, Jamshidni eslagan, uni koʻrgisi kelgan edi. Yaratgan uning ohini eshitib, Jamshidni bu xonadonga keltirib qoʻysami? Yana qoʻngʻiroq jiringlamasdan darvozaning yonidagi eshik ochildi. U oʻz uyiga kirganday kirib keldi. Zaynabning yuragi esa potirlab, joni halqumiga kelib qoldi. Et bilan teri orasida mudrayotgan shayton uygʻonib, juvonning badanini ajib bir haroratda isita ketdi.

Jamshid uyga yaqinlashib, toʻxtadi. Nimadir dedi. Zaynab eshitmadi. Jamshid ikkinchi marta «hofiz aka, hoʻ, hofiz aka!» deganda uning ovozi arang qulogʻiga yetib keldi.
— Hozir, — dedi Zaynab, ammo oʻz ovozini oʻzi ham eshitmadi.

Jamshid uchinchi marta chaqirdi. Shunda Zaynab deraza yonidan qochib, eshik tomon yurdi. Nazarida oyoqlari ogʻir, arang yurayotganday edi. Aslida esa eshikkacha uchib bordi. Eshikni ochdi-yu, ostonada toʻxtadi. Hovli tomon oyoq bosishga jur’ati yetmadi. Chunki bu mahalda hayo ham uygʻonib, shayton bilan ixtilofni boshlagan, shayton berayotgan haroratni oʻchirmoqqa kirishgan edi. Yaxshiki Jamshid ham toʻxtab turardi. Agar u uy tomon qadam qoʻysa, Zaynab eshikni ochiq qoldirgan holda chekinar, uning chekinishi barobarida shayton gʻoliblik mayini sipqora boshlar edi.
— Xoʻjayin yoʻqmilar? — dedi Jamshid, dabdurustdan. U koʻz oldida ulgʻayib voyaga yetgan qizchaning juvonlik olamida bu qadar latofat kasb etishini kutmagan edimi, har holda ostonada pariruxsorni koʻrib andak dovdiradi. Hol-ahvol soʻrashni unutdi. Juvonning chiroyi aqlini shoshirgan boʻlsa-da, koʻngliga yomon fikr oralamadi.
— U kishi oʻrtoqlari bilan ketuvdilar, — dedi Zaynab.
— Bek akam soʻrayatuvdilar. Qayoqda boʻlishlari mumkin? Oʻrtoqlarini taniysanmi?
— Kuyovjoʻra boʻlgan yigit-chi? Anvarmidi otlari... Shu mahallada turishadi. Choyxonaning atrofida deganday boʻluvdilar...
— Boʻpti, oʻzim topaman. Kep qosa, adangni topsin. Ish zaril!

Jamshid shunday deb iziga qaytdi.

Zaynab koʻnglida kiring, choy iching, demoqchi boʻldi-yu, tiliga chiqmadi. Jamshid yana bir nafas tursa aytardi. Lekin u toʻpori juvondan lutf kutmadi. Koʻcha eshigi yopilgach, Zaynabning xoʻrligi keldi. «Yigit degani ham shunchalik e’tiborsiz boʻladimi?..»

U xonaga qaytib, yana deraza oldiga keldi. Yana koʻcha eshigiga tikildi. Xayolan jingalaksochli yigitni chaqira boshladi. Xayolidagi yigit iziga qaytdi. Eshik ochildi. U jilmayib kirib keldi. Bu safar «Hofiz aka!» deb baqirmay, «Zaynabxon!» deb shivirlab keldi. Zinadan koʻtarildi. Uyga kirdi. Deraza oldiga yaqinlashdi. Uning yaqinlashayotganini bilsa ham, Zaynab hech narsadan bexabarday hovliga tikilib turaverdi. U orqa tomondan keldi. Yelkalaridan quchoqladi. Zaynab entikdi. Uning iliq nafasi boʻyniga urildi. Badanini lovullatib yubordi. Yelkadagi baquvvat qoʻllar boshqa vazifa bilan qoʻltiq ostiga yuborildilar... Shunda u oʻgirildi... koʻzi yumuq holda boʻlsa ham lablarini osonlik bilan topdi. Keyin u koʻtarib oldi. Yotoq sari yurdi. Yumshoq toʻshak ularni bagʻriga oldi...

Zaynab entikib, koʻzlarini ochdi. Xayolidagi yigit uchib ketganday boʻldi. Hovli kimsasiz, koʻcha eshik yopiq edi. Xonada esa suluvi atrofida aylanib-oʻrgilib eshilayotgan hind yigitning qoʻshigʻi hukmron. U deraza yonida turgan holda oʻgirilib, televizorga tikildi. Shunaqa baxtiyor odamlar bormikin yo hamma menga oʻxshagan bedavomikin, deb oʻyladi.

Bu xonadonda bir ayolni baxtiyor etish uchun hamma narsa muhayyo edi. Noshukurlik qilmasa ham boʻladi. Uy, yemoq-ichmoqdan zoriqadigan tomoni yoʻq. Eri birov koʻrsa havas qilguli erkak. Lekin shirin orzular qanotida suzib ulgʻaygan qiz uchun shuning oʻzi yetarlimi? Xoʻsh, Jamshidga tekkanida baxtli boʻlarmidi, orzusiga yetarmidi?

Nikohning ikkinchi tuni Zaynab Elchinning gaplarini eshita turib «Siz qotilsiz!» dedi. Zaynab bu bilan Noilaning oʻlimini eslatmoqchi emasdi. Elchin uning shirin orzularini boʻgʻib oʻldirgan edi. Bu qotillik uchun qamash ham, otib tashlash ham mumkin emas. Bunday jazosiz qotillar yer yuzini poʻpanakdek bosib yotibdi. Elchin — Zaynabning nazarida shulardan biri.

Nikohning ikkinchi tuni — kuyov-kelin uchun muqaddas boʻlmish tunda, Elchin Noilaning oʻlimidan soʻz ochib, xotiniga pichoq urmaganini aytdi. Zaynab bu gaplarga e’tibor bermadi. Chunki onasi toʻydan oldin uni yupatish maqsadida «sen undan qoʻrqma, xotinini u oʻldirmagan ekan, tuhmat bilan qamalgan ekan, dadang aytdilar», degan edi. Zaynab bu gap faqat ovutish uchun aytildimi yo chindan ham shundaymi, bilolmaydi. Elchinning oʻzini oʻzi oqlashi unga erish tuyuldi. Uning nazarida bu erkak past ketganday boʻldi.
— Mening nima aybim bor edi, meni nima uchun xoʻrladingiz? — dedi Zaynab, ezilib oʻtirgan eriga qarab.
— Sizning aybingiz yoʻq... Ammo Noilani adangiz oʻldirtirgan. Nomus azobini totib koʻrishi lozim edi.
— Oʻch oldingizmi?
— Ha, oʻch oldim.
— Endi-chi?
— Nima endi?
— Koʻnglingiz joyiga tushdimi?

Elchin javob bermadi. Xotiniga ma’nodor qarab qoʻydi. Uning roʻparasida moʻ’mina Manzuraning qizi emas, qahrli Asadbekning qizi oʻtirardi. Zaynab odob jihatidan onasiga tortgan boʻlsa-da, ba’zan yuragida gʻalayon uygʻonib, otasiga oʻxshab qolardi. Hozir past ketib oʻtirgan eriga qarab, «Men ham sizdan oʻch olsam-chi?» demoqchi boʻldi-yu, tilini tiydi. Ammo xayolida uygʻongan shu oʻy unga haqiqatday tuyula boshladi. Zaynab unga «Sizdan qasos olaman» demadi. Savoliga javob berilmagach, biroz sukut saqladi-da:
— Siz qotilsiz! — dedi qat’iy. Bu — qasos bahridan suv ichguchi hukm edi. Elchin buni anglamadi. Roʻparasidagi goʻzal mavjudot qasos olishga haqli, oʻch olmoqqa qurbi yetadi, degan tushunchadan u uzoq edi.

Elchin «oʻzimning aybsizligimni bildirib qoʻyay, bu uyda siqilmasin, qoʻrqmasin, erkinroq yursin», deb yanglishgan edi. Noxush kayfiyatdagi ayol oldida yarim qarich boʻlsa-da chekinish oqibati magʻlubiyat jariga qulash ekaniga uning aqli yetmadi. U xushsurat boʻlgani uchun rasidalik chegarasidan oʻtmayoq qizlarning xumor koʻzlari ta’qibiga uchragan edi. Qoʻshiqlari bilan dovruq taratgach, jannatda parilar bilan yurgandek his qildi oʻzini. Ana shundanmi «ayol qalbini sehrlay oluvchi kuch bor menda», deb ishonardi. Asadbekning qizini ham sehrlab olajagiga amin edi. Ollohning har bir bandasi kabi Elchin ham magʻrurlik va xudbinlikdan bebahra emasdi. Magʻrurlik va xudbinlik baravar uygʻonib, birlashsa uni mahv etardi, toʻgʻri yoʻldan adashtirardi. Nikohning ikkinchi tuni shunday boʻldi...

Oʻshandan beri Zaynab bu xushsurat mashhur ashulachi bilan bir toʻshakda yotadi. Oʻgʻirlanib, qorongʻi uyga qamalganida qoʻrquvni haydab chiqara olgan, nafasini qaytargan, badaniga iliq harorat bergan gʻalati his yoʻq. Elchinning erkalashlari, ehtiroslari unga ta’sir etmaydi. Oʻzini xuddi ertaklardagi tosh malikaday sovuq his etadi.

Kinodagi qizning qichqirigʻi Zaynabning xayollarini toʻzitdi. Beixtiyor oʻgirilib, tamoshaga qaradi. Hozirgina jufti bilan yayrab ashula aytayotgan qiz, koʻzlari kosasidan chiqquday ahvolda, dahshatga tushib oʻtiribdi. Roʻparasida... ikki lunjini shishirib olgan ilon tebranyapti... «Hozir yigiti kelib tayoq bilan uradi», deb oʻyladi Zaynab. Chindan ham yigit keldi, ammo qoʻlida tayoq emas, miltiq bor edi. Bir oʻq bilan ilon jon berdi... ular yana qovushdilar...

Zaynab xayolan oʻzini shu qiz oʻrnida, erini esa tebranayotgan ilon oʻrniga qoʻydi. Bu ilonga kim bas kela oladi? Jamshidmi?

4

— Hozir borolmayman, dedi. Oshnasi unga bir narsalarni oʻqib beryapti shekilli?

Jamshid shunday deb, aybdor bola singari boshini egdi. U xoʻjayin buyrugʻini ado etolmadi. Otarchini topdi-yu, olib kelolmadi. Toʻydan oldin boʻlganida qoʻl-oyogʻini bogʻlasa-da, buyruqni bajarardi. Endi uning «kuyov» degan unvoni bor. Kuyovni paygʻambarlar siylaganida Asadbekning yugurdagi siylamas ekanmi?..

Asadbek jagʻiga musht yeb, gangiganday boʻldi. Nima bu — nozmi, toʻnkalikmi yo atayin gʻashiga tegmoqchimi?..
— Oshnasi kim? — dedi Asadbek, gangiganini yashirishga urinib.
— Jinnixonada yotgan olim ekan.
— Qanaqa olim?
— Tarixchi ekan. Oʻn yildan beri kichik ilmiy xodimlikdan bir enlik ham siljimabdi. Betgachoparroq ekan. Xoʻjayinini behurmat qilarkan.
— Xoʻjayinni behurmat qilsa... tuzuk-ku? Kim ekan xoʻjayini?
— Katta olimmish, Xolidiy degan. Jinnixonaga oʻshaning buyrugʻi bilan yotqizilgan ekan.
— Jinniligi rostmi?
— Soppa-sogʻ deyishdi-ku?
— Qani, opachang bilan ula-chi meni.

Jamshid telefon goʻshagini koʻtarib, raqamlarni chaqqonlik bilan terdi. Tabibboshi xonasida yoʻq ekan, uni topib kelgunlaricha picha fursat oʻtdi.
— Xolidiy degan odam sizga buyruq beradigan boʻlib qolibdimi? — dedi Asadbek tabibboshining salomiga alik olmay. — Kimning qudasi? Shundan qoʻrqdingmi? Biz-chi, biz goʻrda ekanmizmi? Kim u yigit, Anvarmi, sogʻmidi? Haddingizdan oshmang. Yana sogʻlar bormi? Xolidiy-polidiylarni-chi... — Asadbek gapni kalta qilib qoʻya qoldi.

Asadbek telefon goʻshagini joyiga qoʻymay, ushlaganicha oʻyga toldi. «Kuyovning doʻsti ish bermasmikin», deb savoliga javob izladi. Soʻng bir qarorga kelib, Jamshidga qaradi:
— Xolidiy tuzukroq olimmikin oʻzi?
— Bilmadim.
— Kim biladi? Deputatni top.

Jamshid oʻrnidan turgan edi Asadbek qaytarib, telefon goʻshagini unga uzatdi:
— Telefonda top. Hozir kerak.

Deputatni topish oson boʻlmadi. Topilgach, Asadbek salom-aliksiz savolga tutdi:
— Xolidiyni taniysizmi, qanaqa olim u?
— Xolidiymi, — deputat piching qildi: — Olim ekanmi?
— Qanaqa olim deyapman?
— Olim emas u, loʻttiboz.
— Qanaqa ishlar qilgan?
— Oʻzbekni bosmachiga chiqargan shu-da. Ishlarini yaxshi bilmayman. Oʻtgan yili mukofot olgan bitta kitobini koʻrganman. «Turkistonda buyuk Oʻktabr gʻalabasi», deganmidi... xullas, nomi shunga oʻxshash. Ikki bet oʻqib koʻnglim aynib ketgan.
— Shogirdlari kim? Dushmani kim?
— Dushmani men.
— Kitobini oʻqimay turib dushmanman, deysizmi?
— Uning kitobini oʻqish shartmas.
— Shogirdlari-chi?
— Institutning hammasi shogirdi.
— Institutda uni yomon koʻradiganlar yoʻqmi?
— Kim biladi, balki bordir. Boʻlsayam maydaroq odamlar orasidan chiqadi. Yiriklarini taniyman, unga paxta qoʻyib yuradi hammasi.

Asadbek uchun boshqa gapning hojati yoʻq edi. Rahmat ham demay, goʻshakni joyiga qoʻydi-da, bir qarorga kelib, oʻrnidan turdi.

Jamshid «qayoqqa?» ham demay, unga ergashdi. Asadbekning xohishiga koʻra Anvarning uyiga qarab joʻnashdi. Shom qorongʻisi choʻka boshlagan edi. Eski shaharning tor koʻchalari eriyotgan qordan balchiq holiga kelganidan yurish qiyinlashgan edi. Jamshid mashinani avaylab haydab bir darvoza yonida toʻxtadi.
— Qara-chi, hali ham shu yerdamikin? — dedi Asadbek.
— Shu yerda boʻlsa sudrab chiqaveraymi? — dedi Jamshid.
— Men senga «qarab koʻr», dedim!

Jamshid ortiqcha gap aytib yuborganidan izza chekib, mashinadan tez tushdi. Odati boʻyicha qoʻngʻiroq chalmay ochiq darvozadan ichkari kirdi-da, hayallamay tez qaytdi.
— Uyda oʻtirishibdi, Anvarning xotini oshxonada. Pastda onasining uyi bor. Boshqa hech kim yoʻq.
— Sen shu yerda oʻtir.

Asadbek shunday deb mashinadan tushdi. U ham hovliga hech bir ogohlantirishsiz kirib bordi-da, chirogʻi yonib turgan uy tomon yurdi. Ichkari kirib, mehmonxona eshigini qiya ochdi. Oʻrtadagi ustol ustiga dasturxon yozilmagan, kitob-qogʻozlar betartib sochilib yotibdi. Ikki oshna ustol atrofida emas, pastda oʻtirishibdi. Elchin eshikka orqa qilib, chordana qurib olgan. Yuzini deraza tarafga qaratgan Anvar esa muk tushib bir narsalarni oʻqiyapti. Asadbek umri bino boʻlib bitta kitobni oʻqib chiqmagan. Uni aslida kitobga ragʻbati yoʻq, «ishqi yoʻq eshshak, dardi yoʻq kesak», toifasidan desak, haqiqat yuziga oyoq bosgan boʻlamiz. Asadbekning bolaligi oʻzingizga qisman boʻlsa-da ma’lum. Yoshi ulgʻaygach, u yurgan koʻchalarda kitob oʻqilmas edi. Shunday boʻlsa-da, Asadbek kitob oʻqiyotganlarni koʻrsa havasi kelardi. Yuragida oʻqishga ishtiyoq uygʻonardi. Shundanmi, qizining betoʻxtov mutolaasiga sira monelik qilmagan. Aksincha, uyni kitobga toʻldirib tashlagan. Aniqrogʻi, bu ishni uncha-muncha oʻqib turguchi Chuvrindi amalga oshirgan.

Asadbek gap poylash uchun emas, yigitlarning mutolaasini bir zumgina boʻlsin, kuzatish uchun ostona hatlamadi.

Anvar kitobni qoʻyib, qogʻozlarni titkiladi-da, bir varaqni olib Elchinga qaradi:
— Mana bu yerda yaxshi bir hikmat bor: «Xari Iso ba suyi Ka’ba ravad, boz oyad hamon xar boshad». Mazmunini tushunmadingmi? Isoning eshagi ming marta Ka’baga borgani bilan eshakligicha qolaveradi.

Elchin kuldi.
— Zoʻr gap, lekin ashulaga tushmaydi. Ashula boʻladiganini top.
— Ashulaga mana bunisi boʻlar, — Anvar boshqa qogʻoz olib oʻqidi:

Man moʻyi xersho na az on mekunam siyoh,

To boz nav javon shavamu nav kunam gunoh.

Chun jomaho ba vaqti musibat siyox kunand,

Man moʻy az musibati piriy kunam siyoh...
— Buning ma’nosi zoʻr, — Anvar qogʻozdan bosh koʻtarib, Elchinga qaradi. — Sochimni boʻyab qoraytirishdan maqsad qaytadan yosharib gunoh qilish emas. Qora toʻn motam ramzi boʻlgani singari, sochimni qoraytirishdan maqsad — oʻtib ketgan yoshligimga motam tutishdir... Ikki baytni aytib, keyin Zamonaliga oʻxshab, toringni qoʻltiqlab olib, mazmunini tushuntirsang, odamlar qoyil qolaveradi.
— Boʻpti, shu ruhimga mos tushar ekan. Konsertning nomini ham «Yoshlikka tutilgan motam» desam, a?
— Shunaqa desang konsertingga birov tushmaydi. Konsertga odam aql oʻrganaman, deb kelmaydi. Sen konsertingni Turdi Farogʻiyning gʻazali bilan ochgin, odamlarga hozir shunaqa gaplar ta’sir qiladi. Mana eshit:

Tor koʻngullik beklar, man-man demang,
kenglik qiling,
Toʻqson ikki bovli oʻzbek yurtidur,
tenglik qiling...

Asadbek ayvonda sharpa sezib, oʻgirildi. Qoʻlida patnis ushlagan ayolni koʻrib, yarim ochiq eshikni asta taqillatdi. Ikkala oshna eshik tomon baravar qarashdi-yu, kutilmagan tashrifdan ajablanib, bir zum harakatsiz qolishdi. Hayrat toʻrini birinchi boʻlib Anvar uzib chiqdi. Chaqqon oʻrnidan turib, chaqirilmagan mehmonga peshvoz chiqib, salom berdi. Elchin ham oʻrnidan turib, qaynotasiga norozi qiyofada boqdi.
— Oʻqishga berilib, chaqirganimni eshitmadinglar, — dedi Asadbek ostona hatlab, ichkari kirib. Ayvondan oʻtib, dahliz eshigini ochgan Xonzoda mehmonxonaga kirayotgan kishini koʻrib, toʻxtadi.

Asadbek paltosini yechib, stul suyanchigʻiga tashlaguncha, Anvar stol ustini yigʻishtirishga kirishdi. Bu orada Xonzoda ham kirib, dasturxon yozdi.
— Kelin, siz hech narsaga ovora boʻlmang. Men hozir turaman, — dedi Asadbek.
— Har kuni kelib yuribsizmi, aka, — dedi Anvar, xotiniga yordamlasha turib.

Anvar Asadbekni bugun ikkinchi marta koʻrishi. Dastlab toʻyida koʻrgan, «odamlar aytganday dahshatli emasga oʻxshaydi-ku», deb koʻnglidan oʻtkazgan edi. Bugun uning kirib kelishi uni biroz shoshirdi. Asadbek dasturxonga hech narsa qoʻydirtirmadi.
— Hozir oʻqigan she’ringizni eshitdim. Kuchli yozilgan ekan. «Tenglik qiling, kenglik qiling», deb. Xuddi bizga atab yozibdi. Bir-birimizni boʻriday gʻajib yuribmiz-da hozir, — dedi Asadbek. Ochiq koʻngilda aytilgan bu gapni Elchin oʻzi tomon otilgan toshday bilib, gʻijindi. Qaynotasining roʻparasiga oʻtirib, xoʻmraydi.
— Boʻriday desangiz, boʻrilar xafa boʻlarmikin, — dedi Anvar, doʻstidagi oʻzgarishni sezmay, — boʻrilar ahil yashasharkan.
— Bu gapingiz ham toʻgʻri, — deb kulimsiradi Asadbek. — Endi siz tilchisiz, gapga toʻn kiydirvorasiz.
— Men tarixchiman.
— Ha, endi tarixchilar ham gapga usta boʻlishadi. Sizning... Xolidiy degan domlangiz bor, a? U muttaham hali ham butun oʻzbekni bosmachi deb yuribdimi?

Elchin Anvarga, Anvar Asadbekka ajablanib qarashdi. Asadbekning Anvarga yoqib qolishi uchun shu gap oʻzi kifoya qildi. Asadbek yoʻl-yoʻlakay oʻylab, moʻljalni aniq nishonga olgan edi. Bu gapdan keyin Elchin ham biroz yumshadi. Asadbek bu gapni tarixchilar ishini muttasil kuzatib yuradigan ziyoli odam sifatida aytgani uchun ham ishonarli chiqdi. Uning deputat bilan soʻzlashgani, uning aytganlaridan kerakli xulosa chiqarib olganini bu ikki oshna bilmas edi.

Anvar «xalq otasi»ning munofiqligidan gap ochilsa, oʻzini tutib tura olmas edi. El orasida yomon ishlar bilan qoʻrquv solib yurgan odamki, bu haqda soʻz ochdimi, demak, Xolidiy munofiqgina emas, murtad hamdir, degan tushuncha uning gap xaltasini ochib yubordi. Anvarning hozirgi ahvolini koʻrgan odam uni oʻz uyida emas, ilmiy kengashda ma’ruza qilyapti, deb oʻylar edi.
— Mana, Qoʻqon muxtoriyatini oling. Lenin oʻz huquqlaring oʻzlaringda dedimi, dedi. Poʻlsha oʻziga mustaqil boʻldimi, boʻldi. Estoniya, Latviya, Litva, Finlyandiya ajralib ketdimi, ketdi. Bular ham xuddi biz kabi Rusiya imperiyasining mustamlakalari edi-ku? Ular mustaqil boʻlib ketishdi. Biz bor-yoʻgʻi muxtoriyat talab qilgan edik. Qarang-a, muxtoriyatga ham koʻnishmadi. Lenin Moskovda turib olib, «Mazlum sharqqa ozodlik berdik», deydi. U yoqda mazlum xalqning qoni daryo boʻlib oqadi. Qoʻqon muxtoriyatini kim qonga botirdi? Oʻrislarmi, bolsheviklarmi? Yoʻ-oʻq, bu ishni turk qoniga tashna dashnoqlarga qoʻyib berishdi. Men buni tarixiy dalil asosida isbotlasam, u padarla’nat «Sizning xulosangiz milliy nizo keltirib chiqaradi», deydi. Bir odamning oʻt pufagida tosh bor. Shuni olib tashlash uchun qornini yorishdi. Shunda jarroh «oʻt pufakka tigʻ tegsa jigar xafa boʻladi, yaxshisi koʻr ichakni olib tashlaylik», deb tursa, kasal bechora dardini kimga aytadi?!

Xonzoda choynak-piyola koʻtarib kirgach, Anvar otashin nutqini toʻxtatdi. Asadbek Anvardagi tuygʻudan uzoqroq boʻlsa ham, gaplarini eshitib, unga nisbatan mehri uygʻondi.
— Siz bilan bir gaplashadigan ekan. Qoyilman,— dedi Asadbek, Anvar uzatgan piyolani olib. — Men oʻrtogʻingizga bir gap aytay, deb kirgan edim. Siz ham eshiting, maslahat bering. Elchinboy, sizni kechami yo bugunmi hech kim toʻyga aytmadimi?
— Yoʻq, — dedi Elchin toʻng ohangda.
— Agar aytsa, koʻnmang. Umuman, yaqin orada toʻylarga bormay turing.
— Nimaga?
— Ha, endi... chillalik odamsiz.
— Aniqroq gapiravering.
— Aniqrogʻi shuki... Siz san’atdagi obroʻyingizni tiklab olishingiz kerakmikin? Toʻyda... har xil odamlar boʻladi. Sizlarning oralaringizda ham hasadgoʻylar bor. Bitta yaxshi ashula chiqarsangiz xalq eshitib xursand boʻladi, hasadgoʻylaringiz esa kuyib ketadi. Yana ham aniqroq aytsam, gap shuki, endi sizning obroʻyingiz mening ham obroʻyim. Sizni... oʻgʻlim deganman. Anvar-jon, siz guvohsiz, oʻrtogʻingiz kuyovim emas, oʻgʻlim. Chet eldagi oʻgʻillarim kelishsa, aka-uka boʻlib ketasizlar, Xudo xohlasa. Men bir narsaning isini sezmasam, gapirmayman, toʻylarga bormay turing.

Asadbek gapni maslahat ohangida boshlab, buyruq tarzida yakunladi.

II- qism