OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiShaytanat (I- kitob, III- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Kriminal belletristika
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm230KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/12/01
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shaytanat (I- kitob, III- qism)
Tohir Malik

XVII bob

1

Xastalik varaqasida belgilangan muddat nihoyasiga yetgan boʻlsa-da, Anvar ishga chiqishga shoshilmadi. Togʻasining chordogʻidan olib kelgan kitoblaru qogʻozlarni oʻqib chiqqanidan keyin ham bir kun uyda xayol surib yotdi. Zunnuniyning qoʻlyozmasidan bobosining nima uchun foydalana olmagani ma’lum edi. Haqiqatni aytishga bobosida jur’at yetishmagan. Yetishgan taqdirda ham unga kim yoʻl qoʻyar edi? Zakiylar jismini tishlab olurga tishlari burro, ammo ilmga tishlari oʻtmaydurganlar zamoni tuqqan choqda haqiqatni deguvchilar ohini kim eshitardi? Zunnuniy qoʻlyozmasini bobosi yoqib yubormay asrab qoʻyibdi — shuning oʻzi katta gap. Bu qogʻozlar, kitoblarni togʻasi jonni garovga qoʻyish hisobiga saqlagan. Uning oʻlimidan keyin esa keraksiz matoh sifatida uloqtirilgan. Yaxshi hamki, chordoqning bir chekkasida ularga joy topilibdi. Oʻttizinchi yillarning olovlaridan olib qolingan kitoblar, farzandlarning oqibatsizligi tufayli yoqildi, axlatxonalarga tashlandi. Anvar shuni oʻylasa xuddi birov tirnoqlarini omburda sugʻurayotganday azob chekardi. Xayoliga yomon fikr kelganida yoki noxush voqeaga uchraganida ahli muslim kalima keltirgani kabi, Anvar bu paytda shoirdan yod olgan satrni takrorlaydi: «qachon xalq boʻlasan, sen ey, olomon...»

U oʻsha olomonning bir qismi bilan har kuni osh-qatiq boʻlishga majbur. Vazifalari olomon koʻzini ochmoqdan iborat boʻlgan, oʻzlarini «olim» deb atovchi odamlarni koʻrgisi kelmasa ham ishga borishga majbur. Xotini «Qoʻying, oʻsha ishingizni, boʻshang», deydi. Boʻshab ketishdan oson ish yoʻq. Och qolmaydi, mardikorlik qilsa oʻn barobar koʻp pul topadi. Lekin kimdir haqiqatni ochish uchun jonini berishi kerak-ku?

Hamkasblarining ayrimlari uning «tuzalib chiqqanidan» astoydil quvonishdi. Ayrimlari shunchaki koʻngil uchun hol-ahvol soʻrab qoʻyishdi.

Xonasiga kirib oʻzining oʻrnida chiroyli juvonni koʻrdiyu fe’li aynidi. «Yana bir amaldorning kelini ishga olinibdi-da», deb oʻyladi. Institutning yarmidan koʻpi kelishgan ayollardan iborat — biri kimningdir qizi, kimningdir kelini, singlisi... Anvar Xolidiyning ustaligiga ba’zan tan beradi. Bu ayollarni ishga olish bilan Xolidiy yuqori tomondagilarga yaxshi koʻrinadi, eng muhim — tarix ilmiga begona boʻlgan bu jononlar «ustoz Xolidiy» sutni qora desalar ham ma’qullab chapak chalib oʻtiraveradilar. Oppoq boʻyinchalariga Xolidiyning nafasi tekkanda koʻzlari xumor suzilib qoladiganlari esa tez orada fan nomzodi unvoniga erishadilar. Anvar oʻrnida oʻtirgan juvonni ham shundaylardan deb oʻylab, gʻijindi. Ammo, hamxonalari bilan soʻrashib boʻlgach, juvon oʻrnidan turib xijolatlik bilan salom berdi-da, «Men sizni kutib turuvdim», dedi. «Men ham chiroyli juvonlar kutishga arzirli odam boʻlib qoldimmi?» deb oʻyladi Anvar.
— Bir haftadan beri kutadilar, — deb izoh berishdi hamkasblari.
— Bu yil oʻqishni bitiryatuvdim, — dedi juvon. Uning iymanib gapirishidan dorilfununni bitirish ham ayb ish ekan, shekilli, deb oʻylash mumkin edi. Anvar uni xijolatlikdan qutqazish uchun gapni boʻldi:
— Qaysi fakultetni?
— Tarixni... Diplom ishi oluvdim. Sunnat Joʻraevich eng oldin sizga uchrashishimni aytdilar. Shunga...

Sunnat Joʻraevich deganlari Anvarning kursdoshi. Toliblik davrlarida tarix ilmining avra-astarini agʻdarib tashlash ishqida birga yonishgan. Sunnat fakultetda ishga qolib tez soʻndi. Shu sabablimi, ular ancha uzoqlashib ketgan edilar. Nechukki endi yoʻqlab qolibdi?
— Qaysi mavzuni oldingiz?
— Dukchi eshon qoʻzgʻolonini.
— Zoʻr mavzuni tanlabsiz-ku? Lekin men... nima yordam berishim mumkin? Siz... Xolidiy degan buyuk olimni eshitganmisiz? Bu davrni suv qilib ichib yuborgan odam oʻsha. Maskovdagi oʻris olimlar bu qoʻzgʻolon «progressiv ahamiyatga ega», deyishganida maqtab kitob yozganlar, taqsirimiz. Keyin partiya bu qoʻzgʻolon diniy yoʻnalishdagi qora ish deb baho bergach, yana boshqa kitob yozganlar. Siz xohlagan kitobingizdan foydalanishingiz mumkin. Sunnat... Joʻraevich nima deyapti? Bu qoʻzgʻolonni progressiv deb tushuntiryaptimi yo aksinchami?

Anvarning fe’lidan bexabar juvon nima deyishini bilmay dovdirab qoldi. Yaxshiki domlasi «Anvarjon ozgina qoʻpolroq, e’tibor bermang», deb ogohlantirgan edi. Boʻlmasa chiqib ketishga ham tayyor edi.
— Siz Sunnat Joʻraevichingizdan soʻrab keling, shunga qarab gaplashamiz.

Juvon bu odam bilan suhbatlashishning hojati yoʻqligini bilib, eshik tomon yurdi. Anvarning yonidan oʻtayotib bir zum toʻxtadi:
— Kechirasiz, domla, tarixga ikki xil koʻz bilan qarab boʻlmaydi, — dedi. Juda shirin, ammo keskin tarzda aytdi-da, tez-tez yurib chiqib ketdi.

Anvar shundagina unga bu gaplarni bekor aytganini fahmlab, izza chekdi.
— Anvarjon, yordam bera qolsangiz boʻlardi. Bechora bir hafta kutdi, — dedi roʻparada oʻtirgan ayol, unga yalinganday qarab. Shu gap madad berib, Anvar shart burildi-da, juvonning orqasidan yugurdi.
— Singlim, toʻxtang, — dedi Anvar, unga yetib olgach. — Xafa boʻlmang. Oʻzim shunaqa toʻngroq boʻlib tugʻilganman. Shoshilmayotgan boʻlsangiz, gaplashib olaylik. — Anvar uni dahlizga qoʻyilgan yumshoq kursilarga boshlab, soʻng oʻtirishgach soʻradi: — Nimalarni oʻqidingiz?
— Siz aytgan ikkala kitobni. Keyin Gʻafurov degan olimning kitobini.
— Xoʻsh?
— Bir-biriga qarshi fikrlar. Gʻafurov 1949 yilda bu qoʻzgʻolonni ijobiy baholaganda «tojik xalqining chorizmga qarshi qoʻzgʻoloni», deydi. 1953 yilda esa «favqulodda reaktsion harakat», deb baholab «oʻzbek xalqining harakati» deydi.
— Ana shunaqa-da! Maskovda qanaqa kuy chalishsa, bular oʻshanga qarab oʻynayverishadi. Tarix bularga oʻyinchoq! Siz oʻzingiz qanday fikrdasiz?
— Men hali oʻrganib chiqishim kerak.
— Progressiv desangiz, bular qoʻymaydi. Xolidiy diplom ishingizni oʻqimasa ham, is olib yuradigan shogirdlari bor, reaktsion desangiz...
— Men haqiqatni deyman.

Keskin tarzda aytilgan bu gap Anvarni hayratga soldi. «Bu dunyoda haqiqatni aytishni istaydigan odam qolmagan», deb yurganida chiroyligina juvon shunday deb tursa-ya!
— Kechirasiz, singlim, xoʻjayin qaerda ishlaydilar?
— Maktabda.
— Ota-onalari-chi?
— Ular ham maktabda. Nimaga soʻrayapsiz?

Anvar kulimsiradi:
— Toʻgʻrisini aytsam, siz haqiqatni yozsangiz-u, ular amaldor boʻlsalar ishlari yurishmay qolarmikin, demoqchiydim.
— Bizning qoʻrqadigan joyimiz yoʻq.
— Siz shu yerda ilmiy ish qilishingiz kerak ekan.
— Yoʻq. Men ham maktabga boraman. Haqiqatni eng avval bolalarga aytish kerak.

Yarim soat oldin birov kelib «shunday ayol bor», desa Anvar ishonmasdi. Hozir ham quloqlariga ishonmay oʻtiribdi. Chiroyli juvonlar shunaqa yerlarda ishlashni orzu qilishardi. Kelib-ketib yurishsa bas, jon kuydirilmaydi, maosh esa unaveradi. Uzoq yillar ishlagani uchun «mehnat faxriysi» degan nishonlar oladi... Bu juvon esa...
— Daftaringizni oching, — dedi Anvar, gapni birdan boshqa tomon burib. — Oʻqiydigan kitoblaringizning roʻyxati: Ostraumov, general-leytenant Korolkov, general-leytenant Terentev, knyaz Mansirev. Bularning gaplarini arxivdan topib oʻqiysiz. Salkov, Nalivkinlarni kutubxonadan topasiz. Siz qoʻzgʻolonni Mingtepadagi masjidning qulashiga bogʻlamang. Qoʻzgʻolonning ildizini eng kamida oʻruslarning Toshkentni bosib olishlaridan bosh-lang. Bu oʻq ildiz boʻladi. Qoʻshimcha ildizlar — Qurbon dodho, Poʻlatxon, Yetimxon, Darveshxon, Sobirxon qoʻzgʻolonlari. Toshkentdagi «Vabo isyoni», «Oqboʻri»dagi isyon, Qoʻqon xonining isyoni... Bularsiz Mingtepa qoʻzgʻoloni haqida toʻgʻri xulosaga kelish qiyin. Shular bilan tanishib chiqqaningizdan soʻng yana gaplashamiz.

Juvon Anvarning gaplarini tez-tez yozib oldi-da, «boʻldimi?» degan savol nazari bilan qaradi.
— Zarur gap chiqib qolsa, uyimga kelishingiz mumkin.
— Shu yerga kela qolaman. — Juvon shunday deb oʻrnidan turdi.

Anvarga uning bu qarori ham yoqdi. Koʻngli ravshan tortdi.

Juvonni kuzatgach, xonasiga qaytmoqchi boʻlib burilgan chogʻida dahlizda kelayotgan Xolidiyga koʻzi tushib, toʻxtadi. Odatdagiday bashang kiyingan Xolidiyning yonida suygan shogirdlaridan biri Oʻlmas Akrom kelardi. Anvar oʻzidan bir yil keyin kelgan bu doʻmboq yigitni «goʻsala» der edi. Laqab Oʻlmasga juda mos tushgan, u toʻyib sut emgan buzoqday begʻam, birov soʻksa ham, maqtasa ham bir holda iljayib turaverardi. Goʻsala kolxozlashtirishda matbuotning roʻli degan mavzuda avval nomzodlikni, ikki yil oʻtmay doʻkturlik dissertatsiyasini yoqlab oldi.

Anvar roʻparasidan kelayotgan ustoz-shogirdni koʻrgisi yoʻq edi. Ular bilan soʻrashmaslikning birdan-bir yoʻli — shart burilib ketish. Lekin Anvar bunday qilgisi kelmadi. Ular tomon yurmadi ham. Indamay turaverdi. Xolidiy Oʻlmasning yelkasiga qoʻlini tashlab, Anvarga yaqinlashdi.
— Ie, mulla Anvarjon, bormisiz, sogʻ-salomatmisiz? — u shunday deb labini tili bilan yalaganday boʻldi-da, Anvarga qoʻlini uzatdi.

Anvar uning basharasiga qaramay qoʻl uzatdi. Chunki Xolidiy jilmayganida uning basharasiga qaragan odam baraka topmas edi. Xudo Odam Atoni yasayotganida ishni oyoqdan boshlaganmi yo boshdanmi, Anvarga noma’lum. Lekin, uning nazarida, Xolidiyning oyoq-qoʻli, badani avval yasalgan, keyin nima yasayotgani esdan chiqib, yelka ustiga odamning emas, maymunning boshi oʻrnatilgan.
— Anvar Sattorovich, tuzalib ketdingizmi? — dedi Oʻlmas ham unga qoʻl uzatib.
— Kasal edimmi? — dedi Anvar unga qattiq tikilib. Oʻlmas javobga soʻz topolmay, ustoziga qaradi.
— Oʻlmasjonni tabrikladingizmi? — dedi Xolidiy yayrab jilmayib. — Hozir akademiya tasdigʻidan oʻtib kelyaptilar. Institutga direktor boʻldilar. Men oʻttiz besh yil direktorlik qilibman. Yetar, a? Endi ishni siz — yoshlarga topshiramiz. Ilmiy kotiblikka men sizning nomzodingizni koʻrsatgan edim. Yoʻqligingiz pand berdi.
— Kim saylandi?
— Naima Sultonovna.
— Eski hammom, eski tos.
— Tushunmadim? — dedi Xolidiy, yuzidagi soxta jilmayishni asragan tarzda.
— Siz oʻttiz besh yil qanday ishlagan boʻlsangiz bularingiz uch yuz ellik yil shunday ishlashadi.
— Yaxshi emas, mulla Anvarjon, bular tengdoshlaringiz. Endi zamon boshqa. Bir-biringizni avaylab ishlang. Mana, biz bir-birimizni ayamovdik, nima boʻldi? Meni yigirma besh yilga qamashdi. Stalin oʻlmaganda oʻtirardim. Baxtimga tezroq oʻldi.

«Birovning oʻlimidan bular baxt topishadi, qiziq», deb oʻyladi Anvar.

Xolidiyga Xudo berdi. Oʻzini maqtashga bahona topildi. Bunday paytda u majlisdami, dahlizdami, hojatxonadami, farqi yoʻq — gapiraveradi. Anvar jinnixonada derazadan tushgan nur bilan qilgan suhbatini eslab, shumligi tutdiyu uning soʻzini shart uzdi:
— Ustoz, — dedi muloyim ohangda. — Hamma onasining qornida toʻqqiz oy yotsa, siz yetti oydayoq tugʻilib olgan ekansiz, shu toʻgʻrimi?

Ustoz-shogird bu gapdan ajablanib, bir-biriga qarab olishdi. «Bu hali yaxshi tuzalmabdi-da», deb oʻylardi Oʻlmas. «Bu bola qayoqdan biladi buni?» deb oʻyladi Xolidiy.
— Anvar Sattorovich, uyalish kerak, — dedi Oʻlmas, tanbeh berib.

Xolidiy birovning himoyasiga muhtoj odam emas edi. Sochini barmoqlari bilan tarab qoʻyib, oʻtkir askiya eshitgan odamday miriqib kuldi-da, Anvarning yelkasiga shapatilab qoʻydi:
— Gʻayrat zoʻr boʻlgan-da, gʻayrat! — dedi-da, Oʻlmasni qoʻltigʻidan olib, yoʻlida davom etdi.

Anvar orqasiga oʻgirilib, ularning izidan bir zum qarab turgach, xonasi tomon yurdi.
— Nimagadir motam ruhini sezmayapman, qora bayroqlar osilmagan, — dedi joyiga oʻtirgach.
— Prezident oʻlibdimi? — dedi roʻparasidagi ayol.
— Undan ham battar, — dedi Anvar, «bular bilmaydimi?» degan ma’noda xonadagilarga bir-bir qarab. — Ustoz ketibdilar-ku?!

Anvar uchun yangilik boʻlgan bu xabar xonadagilarga ma’lum edi. Institutdagi oʻzgarish ularning oʻzaro muhokamalaridan ham oʻtgani uchun Anvarga javob berishmadi. Faqatgina eshik oldidagi ustolda oʻtiruvchi «eng kichkina ilmiy xodim» kulimsirab qoʻydi. Anvar bu vazifada uzoq yillar ishlagani uchun oʻzini «eng ulugʻ kichik ilmiy xodim», Sobir ismli bu ushoqqina yigitni esa hazillashib «eng kichkina ilmiy xodim», der edi.
— Ustoz biz bilan! — dedi Sobir, hazil ohangida.
— Ya’ni?
— Ya’nikim, ustoz shu boʻlimga mudir boʻlib oʻtganlar.
— Hali ishlar ekanlarmi? Bosmachiga aylanmagan yana bitta-ikkita oʻzbek qolgan ekanmi?
— Ustozning konsepsiyalari boshqa hozir. Bosmachilar emas, milliy ozodlik harakati!
— Yoʻgʻ-e?
— Gazit oʻqiysizmi oʻzi?
— Bolalar, — dedi Anvarning roʻparasidagi xotin, — erkak odamga gʻiybat yarashmaydi.
— Sobirbey, eshitdingizmi? Gulnoraxon opamizning nasihatlariga quloq tutmasangiz menga oʻxshab eng ulugʻ kichik ilmiy xodim boʻlib qolasiz. Men bunga chidolmayman. Oʻzimni shu derazadan tashlayman. Eng ulugʻ kichik xodim bitta boʻlishi kerak, bilib qoʻying!
— Anvarjon, qoʻying shunaqa gaplaringizni.
— Gulnora opa, yomon gap aytmayapman. Sizning gapingizni tasdiqlayapman. Sobirbey yosh, oʻrgatib turish kerak.

Dengiz ichra charx uruvchi girdobni
Qaydan bilsin qirgʻoqdagi maysalar...
— Mening bitta qoʻshnim imom. Oʻsha aytadiki, bu dunyoda gʻiybat qilgan odamning tilini Xudo qiyomatda oʻn metr uzun qilib qoʻyarkan. Bu tilni odamlar bosib-yanchib yuraverar ekan. Shu qiyomat tezroq boʻlsayu, shu tillarni bir koʻrsam...

Roʻparadagi ayol shart turib chiqib ketdi. Anvar Xolidiyni soʻkadigan boʻlsa, haqorat toshlarini shu ayol huzurida otardi. Xolidiyning shu xonadagi muxtor elchisi hisoblanmish Gulnoraxon bu toshlarni terib, yetmaganiga oʻzidan qoʻshib, ustoziga yetkazardi. Anvar bu ayoldan, shu xizmatlari uchun xafa emas, xursand boʻlardi.

Ayol chiqib ketgach, xona jimib qoldi. Sobir ham ustol ustidagi qogʻozlariga muk tushdi. Anvar qoʻliga qalam olib bir varaq qogʻoz yuziga turli shakllar chiza boshladi. Shakllardan biri «G» harfiga oʻxshardi. «Gulnora» deb yozdi. Keyin birinchi harfni semizroq qilib boʻyadi. Soʻng «G»ni yarim sahifani egallaydigan darajada katta qilib yozdi. «G»ning burchagiga kashaklovchi chiziq tortgan edi, harf dorga aylandi. Anvar unga bir zum tikilib turgach, harfdorning uchiga sirtmoq chizdi. Shu ishidan zavq olib oʻtirganida Xolidiy yoʻqlayotganini ma’lum qilishdi.

2

Xolidiy oʻzining qadrdon xonasida oʻtirgan edi. Yangi boshliq koʻrinmasdi.
— Keling, mulla Anvarjon! — dedi Xolidiy, uni oʻrnidan turib qarshi olib, — hali yoʻl ustida tuzukroq gaplasha olmadik. Ahvollar durustmi endi. Dissertatsiyani yozib boʻldingizmi?

Anvar uning mugʻambirlik bilan boqib turgan koʻziga qarab «Vo ajab, — deb oʻyladi, — men ilgari odam tanasiga maymun kallasi ulangan derdim. Maymunning kallasi tulkining tanasiga ulanganini oʻylab koʻrmagan ekanman. Yo maymunning kallasi ichiga tulkining miyasi joylashtirilganmikin? Qani, buning navozishi nima bilan tugar ekan?»
— Dissertatsiya qanaqa ahvolda, deb soʻrayapman?
— Dissertatsiyami? — Anvar tushunmaganday yelka qisdi. — Oʻsha-oʻsha reaktsion millatchilik isi ufurib yotibdi.

Xolidiy bundan olti yil ilgari Anvarning tayyor dissertatsiyasini ana shu tavqi la’nat bilan yoʻqqa chiqargan edi. Anvar hozir shuni eslatdi. Lekin Xolidiy pichingni tushunmaganga oldi.
— Uni oʻzgartirganingiz yoʻqmi? — dedi mehribonlik bilan.
— Haqiqat oʻzgarib turadigan buqalamun emas.
— Ayni topib gapirdingiz, barakalla! Menga sizday choʻrtkesar, bir soʻzli yigitlar yoqadi. Mana endi sizning zamoningiz keldi. Sizga havasmandman: haq gapni hech qoʻrqmay ayta olasiz. Bizning boshimizga tushgan savdolar itning boshiga tushsa, u ham infarkt boʻlib oʻlib ketardi.
— Ha-a, «ustoz», siz itdan ham... baquvvatsiz.

Bu gapni eshitib, Xolidiyning yuzi uchdi, ammo sir boy bermay qah-qah otib kuldi.
— Gapni ham eshvorasiz-da, mulla Anvarjon!
— Siz boʻlimimizga mudir boʻlibsizmi?
— Ha, birga ishlaymiz. Men bu amal gʻalvalaridan qutuldim. Bir yilda oʻn ikkita komissiya bosibdi-ya! Endi ilm bilan chuqurroq shugʻullanish imkoni tugʻildi.
— Bosmachilarni nima qilamiz?
— Qaysi bosmachilarni?
— Siz menga ikki masalada yoʻl bermagan edingiz, esingizdan chiqdimi? Birinchisi — inqilobdan oldingi qoʻzgʻolonlarni «mustamlaka Turkistonning partizanlari» deyishimga qarshi boʻldingiz. Ikkinchisi — oʻn yettinchi yildan boshlangan bosmachilik harakati emas, balki oʻn toʻqqizinchi asrning soʻnggi choragida boshlangan milliy ozodlik harakatining choʻqqisi deganimda, kimlar kelib meni soʻroqqa tutganini bilarsiz?
— Zamona shunaqa edi.
— Zamon oʻzgardimi?
— Oʻzgardi.
— Shunga qarab siz ham oʻzgardingizmi?
— Mulla Anvarjon, zamon har qanday odamni oʻzgartiradi. Hatto sizni ham.
— Men siz aytgan «har qanday» toifaga kirmayman. Meni oʻzgartirish uchun boshimdan tovonimgacha tikkasiga arralab tushish kerak. Shunda ham jonim chiqadi-yu, ruhim esa oʻzgarishsiz qolaveradi.

Xolidiyning yuzidagi jilmayish yoʻqoldi.
— Katta ketmang, uka. Siz sigʻinib yurgan ustozlaringiz ham yertoʻlada bir qiynoqdan oʻtgach, qoʻllari qaltirab, hamma qogʻozlarga imzo chekib berishgan.
— Siz hammi?
— Siz igʻvoning inini kavlayapsiz. Men haqiqat deb yigirma besh yilga qamalganman.
— Sizga ogʻir botadigan gap aytgan boʻlsam, uzr. Gunohimni yuvish uchun bir hikoya aytib beraman. Juda qiziq, eshitmasangiz armonda qolarsiz. Oʻzi hayotda yuz bergan voqea ekan, ammo men uni ertak tarzida soʻzlayman. Shunday qilib, boʻri bakovul, tulki yasavul, chumchuq chaqimchi boʻlmagan zamonda bir baxtiyor yosh olim yashagan ekan. U avval ustozlarining, soʻng tengdoshlarining oyogʻi ostiga choh qazibdi. Shahanshoh uning beminnat xizmatlarini qadrlab turibdi. Yosh olim ilmga emas, shunday munofiqlikka iqtidorli ekan. Goʻdakligida iblis undagi inson yuragini yulib tashlab, oʻz qalbining bir parchasini qoʻygan ekan-da. Yosh olim koʻpning ichida dadil turib, «Shahanshoh hayvon!» der ekan. Suhbatdoshi «shunaqamikin, a?» desa bas, borib «Falonchi sizni vahshiy hayvon dedi», derkan. Qarabsizki, oʻsha suhbatdosh zindonga qanday tushib qolganiga hayron. Bora-bora sotadigan odami qolmagach, oʻz boshi uzra qora bulutlar aylanayotganini sezibdi. Shahanshoh «oʻz yaqinlariga xoinlik qilgan odam menga sadoqatda boʻlarmidi?» debdi. Shoh bir qarorga kelguncha yosh olim eng soʻnggi laqma doʻstini avrabdi. Yaxshilab kiyintirish bahonasida Shahanshohning tikuvchisinikiga boshlab boribdi. Undan avval shohning shopirini qoʻlga olibdi. Shohning moshinasida tikuvxonaga savlat toʻkib boribdi. «Men malikaning ukasiman», deb oʻzini tanishtiribdi. Xullas, ikki kun deganda ular ustlariga shohona liboslarni ilishibdi. Tikuvchi esa Malikadan rahmat eshitish maqsadida telefon qilib, «ukangizga libos yarashibdimi?» debdi-yu, sir oshkor etilib, yosh olim qamalibdi. Qamoqda ham iqtidori ish berib, igʻvogarligini davom ettiraveribdi. Bir yil deganda Shahanshoh oʻlibdi-yu, yosh olim ham siyosiy mahbuslar qatorida ozodlikka chiqibdi. U ham tuhmat jabrini tortganlar safidan oʻrin olibdi...

Xolidiy qoshlarini chimirgan holda Anvarning «ertagini» boʻlmay eshitdi. Anvar «ustoz» baqirib berar, hech boʻlmasa rangi oʻzgarar, deb oʻylagan edi. Gapini tugatib, Xolidiyga qaradi-yu, hayron qoldi: «Ruhlar menga yolgʻon gapni aytgan edimi?»
— Xoʻsh, ertak tugadimi? — dedi Xolidiy. — Qissadan hissa boʻlishi kerak?

«Chindan ham qissadan hissa boʻlishi kerak, — deb oʻyladi Anvar. — Nima, oʻsha yosh olim siz edingiz, deymi? Yana tilimdan ilinaymi? Aytsam-chi, nimadan qoʻrqaman? Tuhmat, desa, sud arxivini koʻtarish mumkin-ku? Adashgan boʻlsam-chi? Avval sud arxivini oʻrganishim kerak edi».
— Qissadan hissa shuki, gapingiz toʻgʻri, «ustoz». Zamon hammani oʻz yoʻrigʻiga solgan. Lekin... nima uchundir hech kim gunohi uchun tavba qilmayapti. Hali ham unvonlariga mast boʻlib yurishibdi.
— Unvon, mulla Anvarjon, odamga mehnati uchun beriladi.
— Bu unvon odamlarni chalgʻitsa-chi, jamiyatga foydasiz boʻlsa-chi?
— Bu endi bahsli masalalar. Bu masalani vaqt hal qiladi.
— Vaqtga aytamiz, ostonada kutib tura turadi.
— Mulla Anvarjon, bu gaplarni qoʻying. Men sizni dissertatsiya masalasida chaqirtirdim. Ertaga menga olib kelib bering. Himoyani tezlatamiz.
— Dissertatsiya yoʻq, «ustoz».
— Nega yoʻq! Yoqib yubordingizmi?
— Yoqib jinni boʻlibmanmi, — dedi Anvar kulib, — uni chet elga sotib yuborganman, allaqachon.
— Nima? Chet elga? Kimga?
— Turkiyaga, doʻktoʻr Nuriyga bultur berib yuborganman. Bir nusxasini oʻn kun oldin akam Angliyaga olib ketdilar. Dissertatsiyani yo Istambul yo Oksford dorilfununida yoqlasam kerak.

Xolidiy Anvarning koʻzidan bir ma’no uqmoqchi boʻlib, qattiq tikildi. Anvar oʻyinni oxirigacha muvaffaqiyatli yetkazmoq uchun xuddi rost gapirayotganday qilt etmasdan oʻtiraverdi. Xolidiy doʻktoʻr Nuriyni soxta sovetshunos, vatan xoini deb yozaverib iyigʻini chiqarib yuborgan edi. Anvar xorij olimini eslatib, nishonni aniq moʻljalga olgandi.
— Bemaslahat shunaqa ishlar qilib yuribsizmi, hali? — dedi Xolidiy. Uning ilgarigi quvnoqligi, soʻng jiddiyligi, keskinligi ham qolmagan edi. Uning mashqi pasayib, Inglistonda doʻktoʻrlik dissertatsiyasini yoqlab kelgan olim qarshisida mulzam boʻlib oʻtirgan odam holiga tushgan edi.
— Nima qilishim kerak edi? — dedi Anvar gʻolib odam tovushi bilan, — hech kimga keragi yoʻq, deb sotvoribman-da.

Birgina men qayragʻoch
Etagida benurman!
Kun nuridan mahrumman,
Na gʻulomman, na hurman!...
— Yoshlik qilibsiz. Hali pushaymon yemasangiz edi...
— Fazilatim, kam ila koʻstim

Sizga ayon, olmoq kerak tan...

Oʻzim mergan boʻlmagach, doʻstim,

Kimlarningdir otgan oʻqiman...

Har nechuk Xolidiy temirdan emas, barcha bandalar kabi «loydan yasalgan» ekan. Koʻkragida uygʻongan gʻazab ummoni toʻlqinlarining mavjini vujudi sigʻdirolmay portladi.
— Yoʻqol! — dedi tishlarini gʻijirlatib. Tishlar gʻazab vulqonini toʻsib qolmoq qasdida gʻijirlar edi. Boya dahlizda «etti oylik boʻlib tugʻilmaganmisiz?» degan savoldan soʻng kuch toʻplay boshlagan vulqon qudrati tishlardan qudratliroq edi. U oʻrnidan shart turib baqirdi: — Yoʻqol, gazzanda! Men seni odam deb jinnixonadan chiqarib oldimmi hali!

Anvar masrur edi. U oʻrnidan yengil turdi. Goʻyo uni uzoq yillar ezib kelgan gʻam xarsanglari Xolidiyning baqirigʻidan soʻng yelkasidan agʻdarilganday boʻldi. U otgan oʻq bexato tegdi. Gʻanimi yarador holda oyoqlari ostida tipirchilardi. Endi yurakka nayza sanchishi kerak. Bu nayzani keyingi soʻzlari bilan Xolidiyning oʻzi uning qoʻliga tutqazdi.
— Siz sal yanglishdingiz, «ustoz». Siz menga otalik qilib, davolansin, deb jinnixonaga yuborgan edingiz. Meni u yerdan Asadbek chiqarib oldi, — dedi jilmayib. U oq-qorani ajratib olgan olim emas, oʻrtogʻiga maqtanayotgan bolakay kabi jilmaydi.
— Kim deding?
— Asadbek! — Anvar bu ismni faxr bilan tilga oldi-da, chiqib ketdi.

«Bu bolaning mafiyaga nima aloqasi bor ekan?» deb oʻylab qoldi Xolidiy.

XVIII bob

1

Bir gala farrosh loʻli xotinlarga yakka oʻzi bas kelib, ularning nozik nuqtalaridan ushlab — magʻlub etib, idoradan chiqarib yuborgan boshliq esingizdadir? Xuddi oʻsha boshliq Zohidga telefon qildi. Zohid xizmatga barvaqt kelgan edi. Telefonning jiringlashini dahlizda eshitib, eshigini shoshib ochdi-yu, tez-tez yurib borib goʻshakni koʻtardi.
— Oʻrinbosarimni chaqirtirdim, kecha oqshomda keldilar, — dedi boshliq, salomlashgach. Zohid uning ovozida qandaydir horgʻinlik sezdi. «Kechasi bilan uxlamay meni qidirganmi, nima balo?» deb oʻyladi.
— Dam olishning ham beliga tepibsiz-da, — dedi Zohid, yasama lutf bilan. Lutf yasama boʻlsa-da, boshliqning vatanparvarlik tuygʻularini joʻshtirib yubordi:
— Ishlaridan ishkal chiqib turganda dam olishga balo bormi? Men, koʻnglim sezgan ekan, boshidayoq «uzoqqa ketmang», devdim. Bu qari byurokratlarga qayta qurishning mohiyatini tushuntirib boʻlmayapti.
— Oʻrinbosaringiz bilan qachon koʻrishishim mumkin?
— Hozir desangiz, hozir yetib boradilar.

Boshliqning jonkuyarligi sababi Zohidga ayon edi. Bunaqa zotlar ishni qayta qurishga emas, zamonga moslashtirishga usta boʻlishadi. Idoraning har qadamiga qayta qurish afzalliklari haqida shiorlar osib tashlashadi. Agar uylarida, aniqrogʻi, yotoqlarida, yanada aniqroq aytilsa — toʻshaklari ustida «Xotin — qayta qurish avangardi!» degan shiorga koʻz tushsa, sira ajablanmaslik kerak.

Zohidga ayon boʻlgan sabab shuki, idoradagi moliyaviy nayranglarning bir uchi qonun himoyachilariga endi ma’lum. Jalol Komilov nomiga yozilgan maoshu mukofotlar hisoblansa, falon soʻm boʻladi. Uning hammasini, shubhasiz, oʻrinbosar yemaydi. Aksincha, eng kam ulush unga tegadi. Boshliq oʻrinbosaridan koʻproq oladi, ammo u ham oʻz navbatida yuqoriga uzatadi. Nyuton boshiga olma tushganida Yerning tortish qonunini ixtiro etgan ekan. Kimyodagi zanjir reaktsiyasini topgan olim rahbariyatning pora taqsimlash usuli va san’atidan ilhom olgan boʻlsa ne ajab?

Boshliqning shu «zanjir reaktsiya» avjiga chiqmay turib, birinchi halqadayoq ishni bir yoqlik qilish maqsadida ekanini eng landavur tergovchi ham tushunadi. Xudoga shukrki, Zohid undaylardan emas.

Oʻrinbosar chindan ham tezgina yetib keldi. Yaratilganda Xudoda haqqini qoldirmagan, deb shu bandaga aytilsa kerak. Xudo boʻydan urganida u eniga qoʻshtirib olgan, «falon yoshida boshidan sochi toʻkilib kal boʻladi», deb yozugʻ bitilganida boshdan toʻkiluvchi sochni koʻkragiga, jagʻiga koʻchirgan — koʻkrakdagi jun koʻpligi va uzunligidan koʻylak yoqasidan chiqib, koʻrgan odamning gʻashini keltirardi. Kunda ikki marta qirtishlamasa boʻlmaydigan soqol esa, yonoqlarining naq choʻqqisiga qadar bostirib borgan. Yana bir harakat qilsa, soqol deganlari kipriklaru qoshlarga qoʻshilib ketishi hech gapmas. Oʻrinbosarga salobat baxsh etib turgan koʻzoynak gardishining pastki qismi aynan soqolning oʻsha chegarasiga qadaladi.

Oʻrinbosarning Yaratgandan undirgan eng ulugʻ ne’mati — koʻzlari. Bunaqa muloyim boquvchi, uzun kipriklar bilan himoyalangan koʻz qizlarda ham kam uchraydi. Oʻrinbosar Zohidning xonasiga kirdiyu darsga kech qolgan boladay boshini egib, yer ostidan qarab qoʻydi. Asta soʻz boshlasa, koʻzlari shunchalar muloyim boqardiki, odam oʻldirib kelgan taqdirda ham hibsga olish haqidagi qarorga imzo chekishga qoʻl bormasdi. U gavdasiga monand semizgina jigarrang sumka koʻtarib olgan edi. Oʻrinbosar Zohidning roʻparasiga oʻtirib, sumkani tizzasiga qoʻydi-da, «qamaysizmi yo rahm qilasizmi?» deganday moʻltillab qaradi.
— Boshligʻingiz aytgandirlar, a? — dedi Zohid.
— Aytdilar, yaxshi ish boʻlmabdi. Ammo biz bu pullarni oʻzimiz yeb yuborganimiz yoʻq. Birovning haqidan qoʻrqamiz. Oʻzingiz bilasiz, shahar katta, keldi-ketdi koʻp. Mehmon-izmon kutishning oʻzi boʻlmaydi. Oldin hukumat uncha-buncha pul ajratardi. Endi u ham yoʻq. Oʻnta mehmonni kutasan, deyishadi, tamom. Yeb-ichib ketsa ham mayli. Maskov tomondan kelganlar sovgʻa-salomga oʻrganib qolishgan.

«Boshliq ikkovi chindan ham uxlamaganga oʻxshashadi, — deb oʻyladi Zohid, uning gaplarini eshitib. — Oʻrinbosar balogardonlikni boʻyniga olgan. Uydagi topgan-tutganlari tunda yashirilib, uy bir gʻarib holga keltirilgan. Balki «qamab qoʻyishadi», deb xotin, bola-chaqalari bilan xayrlashib ham kelgandir. Boshliq hozir xonasida qilt etmay oʻtiribdi. Kotibasiga «men yoʻqman», deb tayinlagan. Oʻrinbosari hibsga olinganini eshitishi bilan idorada majlis toʻplab, qayta qurish dushmanlari fosh etilgani, ularga qarshi ayovsiz kurash olib borish lozimligi masalasini kun tartibiga qoʻyadi...»

Zohid tinmay gapirayotgan oʻrinbosarga qarab turib telefon goʻshagini koʻtardi-da, boshqarmaga qoʻngʻiroq qildi.
— Da, alo, eshitaman, — degan ovozni eshitib, oʻrinbosarga qaradi. Oʻrinbosar telefon raqamlari terilayotgandayoq jim boʻlib, bir oz ajablanish, bir oz xavotir bilan unga tikilib oʻtirgan edi. Zohid boshliqning ismini tilga olgach, oʻrinbosarning butun vujudi quloqqa aylandi.
— Qudrat akam yoʻgʻiydilar, sekaga ketuvdilar. Kim soʻravotdilar? Kelsalar nima deb qoʻyiy? — dedi kotiba.
— Men prokuraturadanman. Sharipovman, — dedi Zohid sovuq ohangda.
— Voy, toʻxtang-chi, hali ketmaganga oʻxshaydilar...— Kotiba sukut saqladi. — Ana, qaytib kevottila.
— Eshitaman, oʻrtoq Sharipov. Koʻnglim sezgandek izimga qaytuvdim, tinchlikmi?
— Ha, tinchlik, oʻrinbosaringiz yetib keldilar. Xavotir olmang, demoqchi edim, — Zohid gapni kalta qilib, goʻshakni joyiga qoʻydi.

Oʻrinbosar uzilgan gapini davom ettirmadi. Biroz oʻyladi. Zohidning bu kichik «oʻyini» samara bergan, tunda oʻylab-pishitilgan reja darz ketgan edi. Uzun kipriklar himoyasidagi koʻz iltijoli boqdi:
— Pullarni boshliqqa berardik, oʻzlari sarflar edilar...
— Pullar masalasida boshqa oʻrtoq shugʻullanadi. Siz menga bir gapni ayting: Jalol Komilovni oxirgi marta qachon koʻrgansiz?
— Jalol Komilov oʻldirilganda men yoʻq edim.
— Buni bilamiz. Oxirgi marta qachon koʻrgansiz?
— Yangi yildan keyin. Uchastkovoyga spravka berishi kerak ekan.
— Kayfiyati qanaqa edi, ust-boshi qanaqa edi?
— Kayfiyati... yaxshi. Sal kayfi bor edi. Ustida oq poʻstin. Telpagi ham toza teridan.
— Nimada keldi?
— Taksi haydayotgan ekan. Meni bir joyga olib borib qoʻydi... pulini berdim.
— Taksichilik qilayotgan boʻlsa, nima uchun sizdan spravka soʻradi?
— Taksi birovniki boʻlsa kerak?!
— Birovning taksisini bemalol minib yurish mumkin, deb oʻylaysizmi?

Oʻrinbosar «kim biladi?» deganday yelka qisdi.
— Nima haqda gaplashdinglar?
— U yoqdan, bu yoqdan...
— Aniqrogʻi?
— Sibirdan kelgan ekan.
— Sibirga nima uchun boribdi?
— Uch-toʻrt yil ishlabdi. Menam sizga oʻxshab soʻrovdim, «komsomol yoʻllanmasi bilan borib keldim», dedi. BAMga borgandir, deb oʻylabman.
— Sizda «ishlaydi», degan roʻyxatda turardi. Uning asosiy ishi nima edi? Chayqovchimidi, oʻgʻrimidi?
— Unisini bilmayman.
— Uncha-buncha uzatib turarmidi?
— Yoʻq, bunaqasi boʻlmagan.
— Uni siz ishga olganmisiz?
— Ha.
— Kim tavsiya etgan?
— Xoʻjayin-da, mana arizada qoʻllari bor, — u shunday deb sumkani ochmoqchi boʻldi.
— Kerakmas, koʻrganman, — dedi Zohid uni toʻxtatib. — U xoʻjayiningiz olamdan oʻtib ketgan. Arizaga u kishi imzo chekib, siz buyruq bergansiz.
— Tartib shunaqa-da.
— Komilov qaerda yashagan?
— Bilmayman.

Shu yerga kelganda oʻrinbosar koʻzini olib qochdi. Zohidga shuning oʻzi kifoya qildi, koʻz ochirmay savol oʻqlariga tutish lozimligini angladi:
— Komilov sizni taksida qaerga olib borib qoʻydi?
— Esimda yoʻq.
— Eslang.
— Omborxonaga edi, shekilli.
— Aniqmi?
— Ha, aniq.
— Omborxona qaerda?
— Qoʻyliqda.
— Atayin sizni olib bordimi yo oʻsha yoqda ishi bor ekanmi?
— Bilmadim, olib bordi, pulini berdim.
— Omborxonadan chiqquningizcha kutib turdimi?
— Yoʻq.
— Nima uchun xizmat mashinangizda bormadingiz?
— Mashina buzuq edi.
— Siz idoradagi gʻirromliklar uchun javobgarlikka tortilasiz, buni bilasiz. Lekin uning yoniga yolgʻon guvohlik berish qoʻshilsa, nima boʻlishini bilmaysiz. Siz balki qotil emasdirsiz, lekin qotilni yashirishga urinayotganingiz aniq.
— «Balki qotil emasdirsiz», deganingiz nimasi? Nima uchun men qotilni yashirishga urinarkanman?! — Boshqa erkak boʻlganida bu gaplarni poʻpisa ohangida aytardi. Oʻrinbosar esa qoʻy koʻzlarini qoʻriqlab turgan uzun kipriklarini pirillatib, titroq ovozdan aytdi.
— Qotil topilmaguniga qadar marhumni tanigan, bilgan odamning har biridan gumon qilamiz.
— Oldin «sizdan gumonimiz yoʻq», dedingiz-ku?
— Ha, shunday dedim, — Zohid «bu balo-ku», deb qoʻydi oʻzicha. — Kelganingizda shu fikrda edim. Gapni chalgʻitishingiz bilan gumonsiray boshladim. Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda siz oʻsha kun Komilovning uyiga borgansiz.
— Kim aytdi?
— Oʻz koʻzi bilan koʻrgan odamlar. Yuzlashtiraymi?

Oʻrinbosar boshini egdi.
— Yoʻq, — dedi sekin, magʻlub odam ovozida. — Kerakmas. Sibirdan ul-bul olib kelgan ekan. Keyin... «Oltin halqa» deganidan bor-ku, shundan bir qultumdan...
— Sovgʻa ham qildimi?
— Pulini berdim, sovgʻamas.
— Nimalar sotib oldingiz? — Zohid uning mushkulini oson etish uchun «sotib oldingiz» degan soʻzlarga atayin urgʻu berdi.
— Oʻzimga telpak oldim. Uch yuz beruvdim, yuzini qaytarib berdi. Sizdan foyda olmayman, dedi. Qizlarimga atab ham ul-bul...
— Sizdan nimani iltimos qildi?
— Hech narsani.
— Yashirmang.
— Uy toʻgʻirlab bering, dedi. «Sargardonlik tugadi, uch xonali uy toʻgʻirlab bersangiz, bola-chaqa qilib oʻtiraman», dedi.
— Siz uyni qanday toʻgʻirlab bermoqchi edingiz?
— Men xat qilib bersam bas, qolganiga oʻzining ishonchli odamlari bor ekan.
— Kim?
— Bilmayman.
— Hosilboyvachchami, Markanyanmi?

Oʻrinbosar bir choʻchib tushdi-yu, boshini egdi. Odam emas, toshbaqa boʻlib yaralganida hozir boshini kosasi ichiga olib, ochidan oʻlib ketsa ham, chiqmay yotaverardi.
— Bilmayman, bunaqa odamlarni tanimayman.
— Asadbek deganini-chi, eshitmaganmisiz?

Oʻrinbosar tashvishlanib, tezgina qarab oldi.
— Tanimayman.
— Komilovning uyi qaerda?
— Sebzorda.
— Aniqrogʻi?
— Nechanchi uyligini bilmayman.

Zohid telefon goʻshagini koʻtarib, shahar jinoyat qidiruv boʻlimida Komilovning ishi bilan shugʻullanayotgan inspektor Maqsud Solievga qoʻngʻiroq qildi-da, Sebzorga yetib kelishini, depara boʻlimidan Tolipovni ham chaqirishini soʻradi.

Mayor Solievni bu ish bilan shugʻullanuvchi guruhga Zohidning talabi bilan qoʻshishgan edi. Oʻttiz yildan beri shu sohada ishlayotgan mayorni Zohid dorilfununda oʻqib yurganidan beri biladi. Talabalik yillarida amaliyot boʻyicha yoʻllanma bilan kelib, shu mayor bilan ishlagan edi. Dastlab «nima uchun mayor, nima uchun oddiy inspektor», deb ajablandi. Keyin uning fe’lini oʻrganib, yaxshi koʻrib qoldi. Xoʻjayinlarning otgan oʻqi boʻlmay, kimlargadir emas, faqat haqiqatga xizmat qilishni burchi deb bilgan bu odamga Zohid ixlos qoʻygan edi. Zohidga Namozov ishi topshirilganda mayor safarda edi. Shilimshiq ishi boshlanganida Zohidning baxtiga u safardan qaytdi-yu, darrov qidiruv guruhiga qoʻshildi.
— Qani, turing, Komilovning uyiga boramiz, — dedi Zohid.

Oʻrinbosar mutelik bilan oʻrnidan turdi. Uning xotirasi yaxshimi yo bir necha marta keganmidi, harxolda Komilovning uyini hech bir adashmay topib bordi.

2

Shilimshiq uch xonali uyning bir xonasini ijaraga olgan ekan. Yoshi ellikdan oshgan, ammo keksalik hukmiga hali-beri boʻysunmaydigan koʻhlikkina ayol ularni oshkora noxushlik bilan qarshi oldi. Shilimshiqning xonasida bitta yigʻma karavot, oyogʻi liqillab turgan eski ustol, ikkita ustulgina bor edi. Ustullarning biri kiyim ilgich vazifasini oʻtardi. Kiyimlar ustma-ust betartib ravishda tashlab qoʻyilgan. Ustol ustida qotgan non boʻlaklari, shishasi jimjimador «Oltin halqa» deb atalgan aroq, yuvuqsiz toʻrtta piyola, joʻmragi chegalangan choynak turardi.
— Siz kelganingizda uy qanday ahvolda edi? — deb soʻradi Zohid Oʻrinbosardan.
— Xuddi shunaqa. Olib kelgan narsalarini sotib, mebel olmoqchi ekan.
— Narsalarni qaerda saqlarkan?
— Chamadonidan olib berdi. — Oʻrinbosar shunday deb yigʻma karavot ostidagi jomadonni imlab koʻrsatdi.

Soliev bilan Tolipov ikki qoʻshni guvohligida tintuv boshlashdi. Zohid esa uy bekasi bilan gaplashish uchun narigi xonaga chiqdi. Beka gapini Jalol Komilovni yaxshi bilmasligini ma’lum qilishdan boshladi. Zohid bundan «Meni soʻroq qilib ovora boʻlmang», degan ma’noni uqdi. Shu sababli tergovni an’anaviy tarzda ikir-chikirdan emas, ayol kutmagan holda boshladi:
— Komilov uyingiz kirib kelganida qoʻlida nechta chamadon bor edi?
— Esimda turibdimi? — dedi ayol, toʻgʻri javobdan boʻyin tovlab.
— Eslashga harakat qiling. Oradan bir yil oʻtmadi-ku?
— Esim oʻzi sal shunaqaroq, — dedi beka, piching bilan.

Zohid «hozir sayrab yuborganingni oʻzing ham bilmay qolasan», deganday mugʻambirona kulimsirab qoʻydi-da, yon choʻntagidan rasm chiqarib unga uzatdi. Beka rasmdagi dahshatli manzarani koʻriboq seskanib tushdi. «Vot ujas!» deb koʻzlarini chirt yumdi. Xuddi kalima qaytarganday bir nima deb pichirladi. Zohid undan koʻz uzmay tikilib turaverdi. Koʻkraklari orasidagi ariqcha koʻrinib turgan, xudosi pardoz-andoz boʻlgan bu ayolning kalima keltirishi mumkinligiga Zohid ishonmasdi. Shu sababli uning nima deb pichirlaganini bilishga qiziqdi.
— Gapingizga tushunmay qoldim, qaytaring.
— Odamlar vahshiy boʻlib ketishgan, — dedi ayol koʻzini ochib.
— Kim qilgan boʻlishi mumkin?

Koʻzlaridan kiborlik pardasi koʻtarilgan beka Zohidga qovoq uyib qaradi:
— Nima, meni qotillarga sherik, deb oʻylayapsizmi?
— Kasbimiz shunaqa. Haqiqat ochilmaguncha hammadan gumonsiraymiz.
— Unda meni olib borib qamang, oting! — ayol zarda bilan oʻrnidan turdi.
— Oʻzingizni bosing, joyingizga oʻtiring. Savollarimga javob bering, — Zohid keskin-keskin gapirib, ayolning zardasi sariq chaqa ekanini ma’lum qilib qoʻydi. — Qoʻlida nechta chamadon bor edi, esladingizmi?
— Bitta... yana bitta toʻr xalta bor edi.
— Kiyimlari qanaqa edi?
— Agʻdarma poʻstin, boshida telpak.
— Oyogʻida-chi?
— Kalta qoʻnjli etik.
— Sovuq joydan kelibdimi?
— Ha, Novosibirskda ikki yil yashabdi.
— Nima uchun?
— Akademiyada ishlabdi. Dissertatsiya yozibdi.
— Ilmiy ishi nima haqda ekan, aytmadimi?
— Men soʻramadim. Ilmga toqatim yoʻq.
— Uyga tanishlari kelib turarmidi?
— Bir-ikkitasi kelgan.
— Erkakmi, ayolmi?
— Hm... Erkak boʻlganidan keyin xotin boshlab keladi-da. Buning nimasi yomon?

Zohid oʻrnidan turib dahlizga chiqdi-da, qoʻshnilar bilan oʻtirgan Oʻrinbosarni imlab chaqirdi.
— Uyga kelganingizda bu ayol bormidi?
— Ha.
— Siz uni taniysizmi?
— Yoʻq... Ochigʻi... Jalol meni uyga qoʻyib, oʻzi bir yoqqa ketdi. Sanginaxon bilan biroz chaqchaqlashib oʻtirdik.
— Qani, yuring. — Zohid uni beka oʻtirgan uyga boshladi. — Mana bu kishiga qarang, kelganmilar?

Ayol Oʻrinbosarga bepisand qarab oldi:
— Esimda yoʻq.
— Ertagacha eslab, soat oʻnda prokuraturaga borasiz, — Zohid shunday deb koʻkrak choʻntagidan chaqiruv qogʻozi olib, yozdi-da, bekaga uzatdi.
— Men oʻnda borolmayman, — dedi ayol, — ishdan ruxsat berishmaydi.
— Beshik toʻyiga deb soʻrasangiz balki ruxsat berishmas. Lekin chaqiruv qogʻozini koʻrsatsangiz ijozat tegadi. Gaplaringizga qaraganda qonunni yaxshi biladiganga oʻxshaysiz. Oʻzingizni goʻllikka solmang. Sizga esa, — Zohid Oʻrinbosarga yuzlandi, — hozircha ruxsat. Kerak boʻlganingizda oʻzimiz chaqiramiz. Shahardan chiqmay, uzoqqa ketmay turing.
— Shunaqa paytda qayoqqa ham ketardim. Qoʻlimdan kelgan xizmatni ayamayman, — Oʻrinbosar shunday deb xayrlashib, chiqdi.

Shilimshiqning xonasida tintuv tugab, ekspert piyoladagi barmoq izlarini olayotgan, suratchi fotoapparatini gʻilofiga joylayotgan, Hamdam esa kiyim-kechaklar roʻyxatini yozib oʻtirgan edi. Maqsud Soliev esa deraza rahiga suyanib, oʻyga botgan holda turardi. Zohid ish oxiriga yetishini kutib oʻtirdi. Guvohlar roʻyxatga imzo chekishgach, mayor Soliev ularni qoʻshni xonada yana ozgina kutib turishlarini iltimos qildi.
— Bor bisoti shu ekanmi? — dedi Zohid, ular chiqib ketishgach.
— Ha. Boylik talashganga oʻxshamaydi, — dedi Hamdam.
— Xonima nima deydi? — deb soʻradi mayor.

Zohid suhbat bayonini ma’lum qilib, Oʻrinbosarning ma’lumotini ham qoʻshib qoʻydi.
— Shilimshiq Sibirdan quruq kelmagan, bu aniq. Begona ayolning uyiga ham qoʻnmaydi. Hamdam, sen bugun uy bekasining kim ekanligini aniqlab qoʻy, — dedi Soliev, — Shilimshiq bir joyga chiqib kelgan boʻlsa, demak, mollari boshqa yerdaligi aniq. Qaerda, nimasi bor uning? Oʻsmirligida qamalganidan beri sip-silliq yurishida bir gap bordir. Qotilini topganimiz bilan ish bitmas, daraxt ildizi chuqurroqdir. Ildizni kavlashga daraxt egalari, bogʻbonlari yoʻl qoʻyisharmikin? Axir bu anov-manov daraxt emas. Bogʻbonlarni boqib turadigan, soyasidan bahramand etadigan daraxt-a! — Soliev shunday deb Zohidga qaradi. Lekin undan javob kutmay, ustol ustidagi jomadonga yaqinlashdi. Xuddi ogʻirligini chamalaganday koʻtarib koʻrdi. — Hamdam, guvohlarni chaqir. Chamadonning bahridan oʻtishga toʻgʻri keladi.

Guvohlar kirgach, choʻntagidan bukma pichoq chiqarib, Hamdamga uzatdi. Hamdam xuddi usta bichiqchiday ildam harakat qilib, jomadon astarini yirtdi. Harakatlari zoe ketib, jomadondan arzirli hech nima chiqmadi. Shundan soʻng guvohlarga ruxsat berildi.
— Men hozir sen bilan birga boraman, — dedi Soliev Zohidga. — Shilimshiqdan qolgan narsalarni oʻzim bir koʻray.

3

Mayor Soliev Shilimshiqdan qolgan bisotlarga avval tikilib turdi. Soʻng koʻzoynagini taqdi-da, qoʻliga tilla zanjirli medalonni oldi.
— «Lyubimoy Lene ot Pavla»... Bu qaerda ekan?
— Boʻynida. Barmogʻida anavi tilla uzuk. Choʻntagida pul. Hech narsasiga tegishmagan, — dedi Zohid.
— Lenasi kim boʻldi?
— Soʻrov tarqatganman. Javobi balki Sibir tomonlardan kelar.
— Boshqacha javob boʻlishi mumkin emasmi? Sen bu odam Lena deganni oʻldirib, zanjirini tortib olgan deb oʻylayapsanmi? Uni arzon-garovga sotib olgan boʻlsa-chi? Balki izni yashirish, bizni chalgʻitish uchun qotillar boʻyniga ilib ketishgandir?
— Ikkinchi gumoningizga oʻrin yoʻq. Ekspertiza zanjir boʻynida, uzuk barmogʻida uzoq vaqt turganini tasdiqladi. Birinchi gumoningiz ham haqiqatdan uzoqroq. Agar Komilov toʻdalarga aloqador odam boʻlsa, bunaqa arzon-garov narsa sotib olib boʻyniga osib yurmas.

Soliev Zohidga qarab, kulimsirab qoʻydi. Yigitning fikridagi mantiq unga ma’qul keldi. Shilimshiqning choʻntagidan puldan tashqari har xil qogʻoz parchalari chiqqan edi. Choʻntakda yurib bir oz uringan, ammo teshilmagan tramvay pattalari Solievning diqqatini tortdi.
— Komilov tramvayda yurgan ekanmi? — dedi u, pattadan bittasini olib, sinchiklab qarab. — Tagida mashina boʻlsa...
— Mashina oʻlimidan oʻn kun oldin oʻgʻirlangan.
— Yoki olgan, — deb izoh berdi Soliev.
— Olganligi haqiqatga yaqin, lekin isbotlanmagan haqiqat. Pattani esa doʻkonlarda qaytim oʻrniga ham berishadi.
— Agar bu toʻdaga aloqador shaxs boʻlsa, qaytimga patta olmaydi, bu bir. Bular tiyinlarning farqiga borishmaydi. Tramvayda yurmaydi, bu ikki. Tramvayga chiqib qolguday boʻlsa ham haqini toʻlamaydi, bu uch.
— Nimaga toʻlamaydi?
— Sababi oddiy. Ba’zan yodlaridan koʻtariladi. Chunki patta toʻlash odat tusiga kirmagan. Ba’zan toʻlagilari kelmaydi. Puldor odam minglab soʻmlarni behuda sovurishi mumkin. Lekin tiyin ishlatishda xasisligi tutadi. Xoʻsh, bu odamga tramvay pattasi nima uchun kerak?

Zohid buni oʻylab koʻrmagan edi. Tilla buyum, pul turgan paytda arzimagan tiyinlarni tashkil etuvchi tramvay pattasi haqida bosh qotirish lozimligi xayoliga kelmabdi. Hozir koʻpni koʻrgan mayor bunga e’tibor bergach, oʻylab qoldi.
— Agar u Sibir tomonlarga gastrolga borgan boʻlsa, quruq qaytmagan. Qolaversa, gastrolga bir oʻzi borganmi? Balki sheriklaridan biron narsani yashirib, nomardlik qilgani uchun jazosini olgandir? Buyumlarini qaerga yashirgan? Eng qulay joy temir yoʻl bekati yoki aeroportdagi yukxona emasmi? Pattadagi raqamlar yukxona tilsimi emasmikin?

Zohid pattani qoʻliga olib, Solievga ajablanib qaradi.
— Qanaqasiga?
— Aytaylik — 391829. «3» yoki «39» yukxona belgisi, «1829» esa tilsim raqami. Yukxonalarni taftish qilish kerak. Taftish uchun shahar prokurorining ruxsatini ol. Bu tilsim koʻp narsaning sirini ochadi. Men ungacha mashinani bir koʻray.

Yongan mashinadan nima qolardi? Qorayib yotgan moshinasifat tunuka ichi Solievga qadar ham titib chiqilgan edi. Shunga qaramay mayorga atalgan narsa ham bor ekan. Chaqaloqning kaftiday keladigan uchburchak tunukacha olovda qogʻozday bujmayib qolgan edi. Soliev uni avaylab olib, roʻmolchasiga oʻradi.

4

Taksoparkning boshqoni chiqib ketgach, Asadbek Kesakpolvonga qaradi:
— Ishni xom qilgan ekansan, — dedi u, norozi ohangda. — Mashina oʻgʻirlangani haqida xabar berib qoʻyish kerak edi.
— Murdani ham yoqib yuborish kerak edi, — dedi Chuvrindi, Asadbekning gapini ma’qullab. — Barmoq iziga qarab, kimligini aniqlashgan. Endi kavlashtirib yotishibdi.
— Vahima qilavurma. Bir joyni tatalab teshib chiqishi uchun temirdan tirnoq kerak, — dedi Kesakpolvon, peshonasini tirishtirib. U Asadbekning tanqidini ogʻir olmasdi, ammo gapga Chuvrindi aralashsa, ensasi qotardi, kamchiligini boʻyniga olishni sira istamasdi.
— Hozir temir tirnoqlar paydo boʻlgan, — dedi Asadbek.
— Temir tirnoqlarning ham oshqozoni, jigʻildoni bordir? — dedi Kesakpolvon, boʻsh kelmay. — Shilimshiqni oldirib kel, deding, bir kunda oyogʻini yerga tekkizmay oldirib keldim. Hofizga roʻpara qil, deding roʻpara qildim. Uni biz oʻldirganimiz yoʻq. Kavlashsa ham bizga roʻpara boʻlishmaydi.
— Yoʻlni biz tomonga burib yuboradigan ishlar ham boʻlgan, — dedi Chuvrindi. — Haydar aka bir-ikki ishni bemaslahat qilganlar. Bugun yigitlarim muhim gap topib kelishdi. — Chuvrindi shunday deb sukut saqladi. «Aytaveraymi?» deganday Kesakpolvonga qaradi. Kesakpolvon oʻrnidan bir qoʻzgʻolib oldi.
— Gapni chaynamay, aytavermaysanmi? — dedi jerkib.
— Shilimshiq hali ham obodonlashtirish idorasida roʻyxatda turgan ekan. U yerdagi haromilarga maoshi kerak boʻlgan-da. Tergovchi oʻsha yergacha kavlab borgan. Shilimshiq Tojimullaev bilan uchrashgan ekan.
— Kim u? — deb soʻradi Asadbek.
— Tojimullaev oʻsha idora boshligʻining muovini. Xullas, u tergovchini Sanginanikiga boshlab borgan.

Asadbek Kesakpolvonga oʻqrayib qaradi.
— Oʻshanikida turganmidi Shilimshiq? Sen menga boshqa gap aytgan eding-ku?
— Men aytgan joy ishonsizroq chiqdi. Sangina puxta juvon.
— U-ku puxta, ammo sen lattasan. Boshing bilan oʻylaysanmi yo boshqa yogʻing bilanmi?
— Sen qaering bilan oʻylasang, men ham oʻsha yerim bilan oʻylayman. Ishning sassigʻi chiqqanda men aybdor boʻlib qoldimmi? Shilimshiqni hofizga roʻpara qilganingda toʻy haqida gap yoʻq edi. Sen mardlik qilmoqchi eding. Oʻzing ham kalta oʻylagansan. Men oʻgʻridan chiqqan odamman. Ishim yo chikka boʻladi, yo pukka.

Asadbek oʻrtogʻiga baqirib xato qilganini fahmlab, uni tizzasiga shapatiladi.
— Jirillama. Men ham qimorbozdan chiqqan omi odamman. U oʻyinlarda bugun oshiq olchi turmasa, ertaga turadi. Endigi oʻyinlarda oshiq olchi turmagan kun oʻldim, deyaverasan. Endi xato qilishga haqqimiz yoʻq. Men Shilimshiqni jazolashim zarur edi. Agar u jazosini olmasa, boshqa bir yigit uning izidan borar edi. Tartib boʻlmasa, birov bizni bir tiyinga ham olmay qoʻyadi. «Mardlik» degan olifta gaplaringni qoʻy. Kim men chizgan chiziqdan chiqsa, Shilimshiqning orqasidan joʻnaydi. Ikkoving ham yigitlaringga aytib qoʻylaring. Mendan keyin sen, sendan keyin Mahmudning aytgani qonun boʻladi. «Kim koʻproq aybli?» deb axlat titishingga yoʻl qoʻymayman. Bu hukmni men chiqarganman! Mahmud, endi nima qilmoqchisan?
— Hali bir toʻxtamga kelganim yoʻq. Tergovchi yaxshi hid oladigan iskovichga oʻxshaydi. Uning yoniga mayor Soliev qoʻshilgan.
— Soliev? Kattalarning shoʻrini quritgan mayormi? Ishdan ketuvdi-ku? — dedi Asadbek.

Mayor Soliev ikki yil burun bir qotillik izidan borib, yuqori amallarni egallab turgan odamlarning erka farzandlarini fosh qilgan edi. Bu ishni xaspoʻshlashga intilish yaxshi natija bermadi. Adolat qaror topganday tuyuldi, ammo Soliev iste’foga chiqishga majbur boʻlgandi. Hozir Asadbek shuni nazarda tutib soʻradi.
— Yangi yildan ishga qaytarishgan. Bir yarim yillik maoshini toʻlashgan, — dedi Chuvrindi.
— Haydar, eshitdingmi? Temir tirnoq oʻsha boʻladi. Unda oshqozon ham, jigʻildon ham yoʻq.
— Unda bu dunyoda yashamasa ham boʻlarkan.
— Qani, tegib koʻr-chi, ularga! — dedi Asadbek ovozini balandlatib. — Ishni osonroq yoʻl bilan yopish kerak.
— Bir-ikkita kavkazlik topmasa boʻlmaydi, — dedi Chuvrindi.

Asadbek uning maqsadini tushunib, Kesakpolvonga savol nazari bilan qaradi.
— Haydar?
— Haydarsiz ishlaring bitmaydimi?
— Lattachaynarlik qilma.
— Ikkitasi bor.
— Mahmudga ber ularni. Mahmud, kallangni ishlatib, yoʻli bilan tergovchilarga roʻpara qil, xitlanishmasin. Haydar, ularning sharti qanaqa boʻladi?
— Qoradori-da.
— Qaerda boʻlsa ham yetkazib beramiz. Sen Sanginani koʻzdan yoʻqot.
— Uvol boʻlmaydimi?
— Oʻldir deganim yoʻq, koʻzdan yoʻqot dedim. Tergovchining akasini oʻldirgan bolani topib uyiga tashlalaring. Sal eti oʻlib tursin.
— Qaysi birini tashlaylik?
— Nechta oʻzi?
— Uch-toʻrtta boʻlib oʻldirishgan. Lekin oʻsha paytda bittasi qamalgan. Bittasi keyinroq doʻkonda qoʻlga tushgan. Qolgan ikkitasining aybi kamroq deyishdi.
— Oʻsha asosiy ikkitasini toplaring.

XIX bob

1

— Vatani yoʻqning imoni yoʻqtur... — Ismoilbey shunday deb boshini egdi, sukutga choʻmdi. Eti ustixoniga yopishib, uzun burni yanada beoʻxshovlik kasb etgan, koʻzlari kirtayib qolgan qariya bu sukut chodiriga oʻralib, nimalarni oʻyladi ekan? Bu gapdan yuragi hapriqqan Zelixon-chi? U nima uchun jim? U nimalarni oʻylayapti. Ismoilbeyning choy quyib oʻtirgan oʻgʻli Ahadbey-chi?

Ahadbey Zelixonning tengquri. Taqdirning zolimligi boʻlmasa biri togʻlar bagʻrida, biri dengiz sohilida tugʻilib oʻsib, shu yerda uchrasharmidi? Ular qishloqqa oldinma-keyin koʻchib kelishdi. Ismoilbey urushdan qaytgach, temiryoʻlga ishga kirib, oilasini shu yerga koʻchirib keldi. Zelixonning otasi esa urushdan qaytmadi, u yetim holicha qishloqda rizqini terib yuraverdi.

Dunyodan rizqi uzilay deb turgan qariya, yarim asrdan koʻproq umr koʻrib, hali oʻz Vataniga ega boʻlmagan bu ikki bebaxt bandaning aytaman desa hasrati kammi, eslayman, desa xotiralari yoʻqmi?

Toʻrt yil badalida nemis Ismoilbeyning jonini olaman, deb necha yuz ming oʻq uzdi ekan. Lekin yaratgan uni bu oʻlim dovulidan omon saqlab qoldi. Rizq bilan umrni moʻl bergan ekan. Ammo buning evaziga Vatandan judo qilibdi.

Ismoilbey boshini egib, sukutga berilgan chogʻlarida koʻpincha Ollohga munojot etadi: «Urushda jonimni omon saqla, deb yolvordim, oʻzingga shukr, saqlading. Bir kungina boʻlsa ham qishlogʻimda, oilam bagʻrida yashay, dengizning mavjlarini koʻray, dedim. Qishlogʻimga qaytarding, shukr. Ammo bir kungina sigʻdirding. Dengiz mavjlariga toʻydirmading. Gunohim koʻp boʻlsa, vatangado qilsang ming roziman. Ammo Ona xalqimni vatangado qilganingga aqlim lol. Nahot barchamiz baravar gunohkor boʻlsak...» Shu gaplar xayoliga keladi-yu, Xudoga ta’na qilgani uchun darrov tavba ham etadi.

Umri poyoniga yetgani sayin xotira dengizi ham sayozlashib, mavjlari sustlashib borar edi. Ba’zan tushida, ba’zan esa xayol bulutlariga bandi boʻlib oʻtirgan chogʻida dengiz sohilida, qirgʻoqdagi mayda toshlarni ohista silayotgan ojiz toʻlqinlarni bezovta qilib yugurayotgan ishtonchan bola koʻz oldiga keladi. Hayotni faqat shodlikdan iborat, deb oʻylovchi bola qiyqirib, quvnab yuguradi. Sachragan suv tomchilari quyosh nurida zumrad misol bir tovlanish beradi-yu, yana oʻz oʻrniga qaytadi. Bolaning quvnashidan dengiz ham mast, quyosh ham yayrab nur sochadi. Soʻng... dengizning ufqqa tutash yerini yondirib quyosh botadi. Soʻng oy koʻtarilib, bu yongʻindan azob chekkan dengiz yuzini silab ovutadi. Oy nuri dengiz uzra uzun poyandoz soladi. Shu poyandoz ustida yurib ketging keladi... Bu bola — Ismoilbey. Sohil boʻylab chopayotgan bu bola unga urushdan hamroh boʻldi. Urushdan qishlogʻiga qaytgach, uni yana koʻrdi. Bu safar uxlamasdan, hatto mudramasdan, koʻzini yummasdan turib koʻrdi.

Gospitaldan chiqqanidan soʻng, manzili oʻzgargach, uy bilan aloqasi tamom uzilgan, u urush olovida emas, xavotir olovida qovrilgan edi. Qishlogʻiga qaytib, uyida begona gurjilarni koʻrgach, hayratdan yoqa ushladi. Shop moʻylovli gurji uni uyiga boshladi. Musallas bilan siyladi. «Biz aybdor emasmiz, birodar, bizdan xafa boʻlma!» dedi. Yana allaqancha gaplar aytdi. Ammo bu gaplar uning qulogʻiga kirmadi. Dengiz sohiliga bordi. Etigini yechib, shimining pochalarini qayirib, sohil boʻylab yurdi... Oʻgʻlini yelkasiga mindirib olib, sohil boʻylab yugurishni orzu qilardi. Oʻgʻli yoʻq. Yugurishga xohishi ham, majoli ham yoʻq. U ikki narsaga hayron, biri — oilasini qanday topishni bilmaydi. Ikkinchisi — qishloq yigitlari urushda jon olib, jon bersa-yu, bunda qolgan qariyalar, xotinlar, bolalar qanday qilib xoin boʻlishsin? Qishloqdan bitta, nari borsa ikkita sotqin chiqar, lekin yalpi xoin boʻlishi mumkinmi? U — Ismoilbey urushda bir narsani — Vatan uchun jang qilishi lozimligini bilardi. Endi hayron: qani oʻsha Vatan?

Xayolida koʻp jonlanadigan ikki manzara shu — sohil boʻylab quvnagan holda yugurayotgan bola... shimining pochasini himarib, qaygʻu yukini orqalab borayotgan askar... Koʻkragida Vatan himoyasi uchun berilgan nishonlar. Koʻkrak sirtida nishonlar, koʻkrak ichidagi yurakka esa tigʻ sanchilgan...
— Vatani yoʻqning imoni yoʻqtur, — Ismoilbey shunday deb, xayol bandiligidan ozod boʻlib, koʻzlarini ochdi. — Xudo ota-bobolarimizga Vatan bergan edi, bizdan tortib oldi. Bizning gunohlarimiz uchun sizlar ham vatangado boʻldinglar. Sizlar imonsiz ketmanglar, Vatanga qaytinglar. Xudoga shukrki, bizni kofirlar yurtida xoru zor qilmadi. Orqadoshlarimiz bizlarni ranjitishmaydi. Ularning ulugʻligi shunda. Ammo Vatan ulugʻroq. Uning oʻrnini hech nima bosmaydi.

Ismoilbeyning keyingi gaplarini teplovozning qichqirigʻi bosib ketdi. Soʻng poezd gurillab oʻtib, uy tebranib, shiftlarigacha qisirladi. Uy egalari bunga koʻnikib ketishgan, e’tibor ham berishmadi. Zelixon esa har oʻn daqiqada bir poezd oʻtib, zaminni silkitganda xavotir bilan shiftga qarab qoʻyadi.
— Vakillarimiz Maskovga ketishdi, — dedi Ahadbey, — Qrim tatarlari bilan birgalashib, haqiqatga yetishar, inshoolloh.
— Chechenlar koʻp ketishdi. Seni ham ketdi, deb yuruvdim? — dedi Ismoilbey.
— Onam shu yerda, buvam shu yerda. Men qayoqqa boraman? — Zelixon «men qamoqda edim», demadi. Chol gap kavlamasin, deb boshini egib, sukut saqladi.

Ismoilbey «sizlar gurunglashib oʻtiringlar, men samovarga chiqay» deb fotiha oʻqidi-da, oʻrnidan turdi.

Ahadbey otasi kirganida xontaxta ostiga yashirgan shishani olib, piyolalarga aroq quydi-da, «Sogʻ boʻl», deb koʻtardi.
— Seni chaqirganimning boisini endi aytay, — dedi u. — Vakillarimiz Maskovdan quruq qaytishadi. Maskov yurtlaringga boraveringlar, degan bilan gurjilar uylarimizni boʻshatishmaydi. Qon toʻkilishi aniqqa oʻxshab turibdi.
— Qon toʻkilsa chechenlar sizlar tomondan boʻlishadi.
— Qon oʻsha yoqda toʻkiladi, deb oʻylayapsanmi?

Zelixon bu gapdan ajablandi:
— Qaerda toʻkiladi?
— Shu yerda.
— Esing joyidami? Kim bilan urushasan? Kim qon toʻkadi?
— Oʻzbeklar bilan...
— Ahad! — Zelixon oʻrnidan qoʻzgʻolib, tiz choʻkib oʻtirib oldi. — Jinnimasmisan? Bizga uy bergan, non bergan oʻzbek bilan urushasanmi?
— Sen hovliqma. Biz urushmaymiz. Bizni urushtirishadi. Men kuzatib, sezib yuribman. Sen Fedyani bilarmiding?
— Qaysi Fedya?
— Istansaning orqasiga turardi. Laqabi «Boʻri».
— Ha... otilib ketuvdi shekilli?
— Hukmni oʻzgartirishgan. Oʻn besh yil berishuvdi. Yangi yildan oldin paydo boʻlib qoldi.
— Qochibdimi?
— Qochganga oʻxshamaydi. Bemalol yuribdi.
— Qutulib chiqqandir?
— Yoʻq. Hali yarmini ham oʻtirmadi. Afvi umumiyga tushishi ham mumkinmas. Xullas, bu yogʻini eshit: uni Quvasoyda koʻrdim. Pivoxonada toʻrtta ulfati bilan oʻtirgan ekan. Ulfatlari bu yerlik emas, bilinib turibdi. Men bilan koʻrishdi. «Nima qilib yuribsan?» desam, «ish bor, bratan», deb ishshayadi. Bitta-yarimtaning iziga tushib, shoʻrini quritmoqchimi, deb poyladim. Sheriklari bilan Quvasoyni aylanib chiqishdi. Asosan turklar koʻproq yashaydigan koʻchalarni aylanishdi. Keyin ikkita moshinga oʻtirib, gʻoyib boʻlishdi. Ertasiga ularni bu yerda koʻrdim. Ular tamoshaga kelishmagan. Koʻnglim sezib turibdi. Kuyovim Quvasoydagi pivoxonada ishlaydi. Atay borib surishtirdim. Ular uch-toʻrt marta kelishibdi. Turk yigitlari bilan pivoxoʻrlik qilishibdi. «Hozir hamma yoqda erkinlik, sizlar Turk avtonomiyasini talab qilinglar», deyishibdi. «Turklarning oʻz respublikasi boʻlsin!» deyishibdi. Pivo ichgani kirgan ikkita oʻzbek yigitni turtib chiqarishibdi. Gapga tushunyapsanmi?
— Fedya shu yerdami?
— Shu yerda edi, koʻrinmay qoldi.
— Yaxshi, uni oʻzim topaman. Selim qaerda, hali ham Quvasoydami?
— Ha.
— Fedya bilan koʻrishgandir?
— Bilmayman.
— Koʻrishadi. Fedya keladi-ku, koʻrishmaydimi? Tur, ketdik. — Zelixon shunday deb oʻrnidan turdi.
— Oshni damladi, yeb olaylik.

Zelixon «keyin», deb tashqariga chiqdi. Ahadbey unga noiloj ergashdi.

«Zaporojets»ni oʻt oldirish uchun itarib yurgizishga toʻgʻri keldi. Mashina oʻtgan yoʻlini koʻk tutunga burkab yursa ham, manzilga yetib oldi. Hashamatli uy, yuk mashinasiga moʻl ishlangan katta darvoza oldida «Zaporojets» oʻyinchoqqa oʻxshab qoldi.

Selim deganlari uzun boʻyiga monand qorin qoʻygan, qaddini tik tutib yuruvchi yigit, hovlida Zelixonni koʻrib, dastlab tanimaganday qaradi, soʻng birdan chehrasi ochilib, quchoq ochib keldi.
— Zeli ogʻa, tushimmi yo oʻngimmi? — deb qarshiladi. Keng hovli atrofiga uylar solingan, xuddi qoʻrgʻonga oʻxshardi. Mevali daraxtlar tartib bilan ekilgan, kunga qaragan uy roʻparasiga temir quvurlardan toksoʻri ishlangan.

Selim ularni keng uyga boshlab kirdi. Mehmonxona shiftining oʻrtasida katta billur qandil. Toʻrt chekkasiga esa, aynan shu qandilning kichik nusxalari osilgan. Yigirma kishi bemalol davra quradigan ustolda dasturxon bezogʻliq edi.
— Ogʻajon, sogʻintirib yubordingiz-ku? — dedi Selim jilmayib.
— Qaerdaligimni bilmasmiding? — dedi Zelixon.
— Bilardim.
— Bilsang nimaga soʻraysan. Chiqib keldim. Xizmating boʻlsa, ayt.
— Xizmatni qoʻying, ogʻajon. Xizmatda mana, biz boʻlamiz. Siz izzatda.
— Ishlaring qalay? Oʻzbeklar gʻashingga tegishmayaptimi?

Kutilmagan tashrifdan ajablanib turgan Selim bu savolga qanday javob berishni bilmay, ikkilandi.
— Toʻgʻrisini aytaver.
— Bu yer oʻzimning qoʻlimda. Lekin... Hosilboyvachcha deganni eshitganmisiz? Oʻshaning odamlari koʻz ochirmaydi. Qonimni soʻrib tashlashdi.
— Shuni Fedyaga aytdingmi?
— Qaysi Fedyaga? — Selim shunday deb «Sotdingmi?» degan ma’noda Ahadbeyga qaradi.
— Ahadbeyga qarama, menga qarab javob ber. Fedyaga nima deding?
— Shuni aytdim.
— Yordam ber, dedingmi?
— Ha.
— Ahmoqsan. Puling koʻp-u, ammo aqling kam. U nima dedi, oʻzim tinchitaman, dedimi?
— Ha.
— Sen bu yerdan koʻchib ket.
— Nega endi?
— Qirgʻinning uyasiga choʻp suqib qoʻyibsan. Kelib-kelib Fedyadan yordam soʻraysanmi?
— Kimdan soʻray boʻlmasa?
— Kuching yetsa ishla. Boʻlmasa yagʻir boʻlib yuraver.

Zelixonga ayrim narsalar ayon boʻla boshlagan edi.

Shu uchun Selimning mehmondorchiligiga unamadi. Ahadbeynikiga ham kirmay Fargʻonaga joʻnadi. U Fedyani qaerdan topishni bilardi.

2

Har bir mamlakatning oʻziga yarasha qonuni, qoidasi boʻladi. Fuqaro qonun-qoidalarga itoat etib yashaydi. Xuddi shunga oʻxshab, biz jinoyatchilar deb atovchi olamning ham oʻz qonunlari, tartib-qoidalari bor. Ular biz joriy etgan qonunlarni sariq chaqaga olishmaydi. Shu sababli ularni ta’qib qilamiz, hibsga olamiz, hukm chiqaramiz. Daryoga toʻgʻon solingani bilan suv orqasiga qarab oqmaydi, toʻlib-toshib, yoʻlida davom etaveradi. Agar toʻgʻon zaif aql bilan qoʻyilgan boʻlsa, toʻplangan suv uni buzib ketadi. Hayqirgan junun suv toʻlqinlari elni ancha besaranjom qilib qoʻyadi.

Zelixon yashaydigan olam ham shunga oʻxshaydi. Uning fuqarosi kam, ammo qonuni puxta. Ularda «axloq tuzatish koloniyalari» yoʻq. Ular «axloq tuzatish» bilan shugʻullanishmaydi. Ularning hukmi bitta — qonunni buzdingmi, xiyonat qildingmi, birodaringni qutqarmadingmi, tamom, joning bilan javob ber.

Bu yozilmagan qonun-qoidalarni suv qilib ichib yuborgan Zelixon qaerda, qanday harakat qilishni, kim bilan qanday gaplashishni yaxshi biladi. Qaysi oʻgʻrini qaerdan topishni, qaysi xonim kimga ham boshpana, ham quchogʻidan joy berishi mumkinligi unga ma’lum. U «Fedyani oʻzim topaman», deb bekorga aytmadi.

Zelixon Ahadbeyning «Zaporojets»idan tushib, bir yoʻlovchi mashinani toʻxtatdi-da Fargʻonaga qarab ketdi. Toʻrt qavatli imoratlar orasiga tirsak shaklida tushgan bino unga yaxshi tanish. Ikkinchi qavatdagi eshik oʻzgaribdi. Ilgarigisiga chiroyli charm qoplangan edi. Bunisi temirdan boʻlibdi. Zelixon eshik qoʻngʻirogʻini uy bekasiga tanish boʻlgan tarzda bosdi. Qoʻngʻiroqning ikkita qisqa, uchta uzun jiringlashini eshitgan beka eshikni bexavotir ochishi mumkin. Kutilganday boʻldi. Eshik avval qiya ochildi. Beka tanish odamni koʻrib, eshikni kattaroq ochdi-da, oʻzi orqasiga chekindi. Zelixon odatiga koʻra atrofga alanglab olgach, tezgina ichkari kirib, eshikni yopdi.
— Zelya, yaxshi keldingmi? — Beka shunday deb unga yaqinlashdi-da, koʻkragiga bosh qoʻydi.
— Nadulya, oʻzing omonmisan? — dedi Zelixon, uning yelkalarini silab.

Hali qirqqa kirmagan bu juvon tarovatini yoʻqotmagan, quchoqlasa quchoqlaguday, oʻpsa oʻpguday edi. Zelixon vaqtida u bilan ayshini surgan. Ammo ular orasida muhabbat, hamisha birga boʻlish tuygʻusi yoʻq edi. Yurak yurakka talpinmagan. Zelixon bu toʻshakda bir necha soat ilgari boshqa erkak yotgan boʻlishi mumkinligini bilardi. Nadya ham bu chiroyli yigitning hozirgina boshqa ayol quchogʻidan chiqib kelayotgan boʻlishi mumkinligini bilardi. Darvin degan zot xuddi shu toifa odamlarga qarab turib, «odam maymundan paydo boʻlgan», degan nazariyani yaratgan boʻlsa ne ajab? Bular Ollohning emas, balki hirsning bandalari edilar. Odam bolasiga Yaratgan yaxshi tuygʻular ham berganini bilmas edilar. Shunday tuygʻu boʻlmagani uchun ham bir necha yil emas, bir necha soatgina koʻrishmagan tanishlar singari omonlashdilar.

Mehmonxonadagi stol usti dushman payhon etgan qishloq manzarasini eslatardi. Bu Zelixonni ajablantirmadi. Chunki u bunda durustroq manzarani koʻrmagan.

Nadya Zelixonning roʻparasiga oʻtirib, ikki qoʻlini jagʻiga tirab, unga tikildi.
— Koʻrinishing binoyi. Kurort yoqibdi, — dedi jilmayib.
— Sening duolaring yetib bordi, — dedi Zelixon ham jilmayib. — Meni sogʻinib, ichikib qolibsan.
— Seni deb ichiksam arziydi.
— Nima ish qilyapsan?
— Oʻzing bilgan ish.
— Kim bilan ishlayapsan?
— Suvarak bilan.
— Kuning shunga qoldimi?

Nadya «nima qilay boʻlmasa?» deganday yelka qisib qoʻydi-da:
— Ichasanmi? — deb soʻradi.
— Bormi?
— Senga bor. — Shunday deb ichkari xonaga kirib ketib, dam oʻtmay bir shisha aroq koʻtarib qaytdi. Zelixon shishani uning qoʻlidan olib, chaqqonlik bilan ochdi-da, ikkita qadahga quyib, bittasini ayolga uzatdi.
— Eson-omon qaytib kelganing uchun, — Nadya shunday deb bir hoʻplab qoʻydi.

Zelixon qadahni bir koʻtarishda boʻshatdi.

Ikkinchi qadahdan soʻng ayolning yoniga oʻtib, uni quchoqladi.
— Endi esingga tushdimi? — dedi Nadya nozli va ginali ovozda. Zelixon javob bermay, baqbaqasiga lab yubordi. Uning nazarida Fedyaning qaerdaligini shu ayol bilishi kerak edi. Toʻgʻridan-toʻgʻri soʻrasa, aytmasligi ham mumkin edi. Shu sababli maqsadga ayollarga yoqadigan yoʻldan yurib borishni ma’qul koʻrdi. Nadya iyib, toʻshakka yotishga tayyor boʻlganida «Fedya qaerda?» deb soʻradi. Koʻzlari suzilib turgan ayolning qoshlari birdan chimirildi.
— Shunga keluvdingmi? — Nadya Zelixonni koʻkragidan itardi. Zelixon esa aksincha, uni mahkamroq quchdi. Nadya uning quchogʻidan chiqishga urindi, oxiri boʻshashgan holda, yopiq eshikka qaradi. — Shuni keyinroq soʻrasang ham boʻladi-ku? Ana, yotibdi. Gʻirt mast.

Zelixon uni quchogʻidan boʻshatib, eshikni ochdi. Yuztuban yotgan, chap qulogʻining ostidan ogʻzigacha tirtigʻi boʻlgan bu yigitni darrov tanidi. Ichkari kirib eshikni yopdi-da, «Fedya», deb chaqirdi. U bir tekisda nafas olardi. Mastga oʻxshamasdi. Zelixon uni yana chaqirdi, soʻng uning mast uyquda ekaniga goʻyo ishonch hosil qilganday, pidjagining choʻntagiga qoʻl yubordi. Yangi pasport, ozod etilgani haqidagi guvohnomani koʻrgach, boya koʻngliga oralagan shubha haqiqatga aylana boshladi.

U Fedyaning bosh tomoniga oʻtib oʻtirdi-da, xuddi oʻzi bilan oʻzi gaplashayotganday gapira boshladi:
— Mening Boʻri degan bir doʻstim boʻlardi. Aroq daryo boʻlib oqib kelsa, shimirib quritardi. Ammo oʻzi sira mast boʻlmas edi. Qamoqda buzilibdi, bechora. Endi... odam sotilganidan keyin shunaqa boʻlib qolarkan-da. Xudo rahmat qilsin, seni Fedya. Nomingni toabad unutmaymiz, deya olmayman. Sotqinlarni eslamaymiz, oʻzing bilasan-ku...

Shu gapdan keyin Fedya bir qimirlab oldi.
— Sotqin emasman, — dedi yotgan holicha.
— Boshingni koʻtar, Fedya, mendan uyalma.

Fedya boshini koʻtarib, tirsagiga tiraldi.
— Nimaga kelding?
— Ish bor edi. Chiqib kelganingni eshitib, xursand boʻluvdim.
— Qanaqa ish?
— Endi sensiz bitadigan ish.
— Meni sotqin dema, Akademik, men birovni sotganim yoʻq.
— Qochdingmi? Qochganga oʻxshamaysan?
— Ishing boʻlmasin. Yoʻlini qilib chiqdim.
— Men bilan ishlaysanmi?
— Yoʻq.
— Nimaga?
— Oʻzimning ishim bor. Agar xohlasang... men bilan ishlashing mumkin. Yaqinda katta ov boʻladi.
— Qaerda?
— Qaerdaligini vaqti kelganda aytaman.

Eshik qoʻngʻirogʻi jiringlab, ularning suhbatlari uzildi. Bir oz fursat oʻtgach, eshik qiya ochilib, Nadya koʻrindi.
— Fedya, keldi aytganing.

Fedya oʻrnidan turib mehmonxonaga chiqdi. Zelixon unga ergashdi. Mehmonxonada sochlari paxmaygan, qaddi kelishgan bir qiz turardi.
— Yoshing nechada? — deb soʻradi Fedya unga tikilib.
— Oʻn yettida, — dedi qiz, bu savoldan ajablanib.
— Zelya, bu tovuqni topib kelgan mataxini qara. Mening kunim endi qari kampirlarga qolibdi-da, a? Joʻna, koʻzimga koʻrinma!

Qiz labini chimirib, shart burilgan choqda, Zelixon uni toʻxtatdi.
— Nadulya, bu menga nasib qilgan ekan. Bizga oʻxshagan chollarga qari kampirlar ham boʻlaveradi.

Fedya Zelixonning oldida oliftagarchilik qilmoqchi edi. Ogʻzidagi nonni oldirib qoʻyib pushaymon yedi-yu, ammo sir boy bermadi.

XX bob

1

— Hosilboyvachcha deganlari men boʻlaman. Bir tomoni qaynotangiz bilan aka-ukaligimiz bor. Bir tomoni yigitning soʻzi qaytguncha shaytonning boʻyni uzilsin, deyishadimi?

Shu gapdan keyin Elchin oʻylanib qoldi. U Hosilboyvachcha deganlarini eshitgan, qoʻchqorlarning biri shu ekanini ham bilardi. Ammo oʻzini koʻrmagan edi. Ozgʻin yuzidagi katta yumaloq koʻzlari bolakay chizgan suratni eslatuvchi, qaldirgʻoch moʻylovli, qirra burunli bu yigit oʻziga erinmay zeb bergan edi. Kiyimlarining taxi buzilmagan, biron yerda gʻijimning asorati yoʻq, xuddi u hech yerda oʻtirmaydiganday, suyanmaydiganday edi. Ikkala qoʻlining barmoqlarida bittadan tilla uzuk. Bu odamdan taralayotgan atir hidiga dimoq yorilib ketay deydi. Elchinni hayron qoldirgan narsa bu emas, bunday olifta yuruvchilar koʻp. Elchin toʻyga aytib kelgan bu yigitni zimdan kuzatib, uning kiprik qoqmasligini ilgʻadi. Oʻqday qadalib turgan nigohdan odam bolasida kam uchraydigan sovuq oʻt chaqnab turardi. Bu nigoh «senga yaxshilik qilaman» deb alday olmasdi. U toʻgʻrisini aytardi: mendan faqat yomonlik kut!

Elchin Hosilboyvachchaning taklifini eshitgach, kecha Asadbekning qidirib kelgani sababini angladi. «Demak, Asadbek bu taklifdan ogoh. Demak, bu odamga xizmat qilishimni istamaydi. Nima uchun? Gʻayirligi kelganmi? Obroʻyiga putur yetishini bilganmi? Kimsan, Asadbekning kuyovi Hosilboyvachchaning xizmatida boʻlsa?!»
— Men noz qilayotganim yoʻq, aka, — dedi Elchin, oʻzidan ikki-uch yosh kichik boʻlgan Hosilboyvachchaga. — Akaxoningiz sizga qadrdon boʻlsalar, toʻylariga zoʻrroq ashulachilarni olib borganingiz yaxshimi, deyman-da. Men ancha chetga chiqib qolganman. Birov eslaydi, birov eslamaydi. Gʻulom kelibdi yo Sherali kelibdi, degan gap qayoqda-yu, almisoqdan qolgan Elchin kelibdi, degan gap qayoqda?
— Bunchalik past ketmang. Arzimasangiz oʻzim kelmas edim.

Elchin bu gapdan «Men uncha-buncha odamni taklif etmayman», degan ma’noni uqdi. U Asadbekning maqsadini anglaganday edi. Ammo shuncha oʻylasa ham Hosilboyvachchaning asl niyati nima ekanini bilolmadi. Har bir katta-kichik toʻdaning, hatto gap yeydigan kichik ulfatning oʻz qoʻshiqchisi boʻladi. Elchin Asadbek toʻdasiga tegishli, hatto ular uni oʻz mulkiday koʻrishar edi. Hosilboyvachchalarning ham oʻz mulki — qoʻshiqchisi bor. Toʻyga Hasanali kelarmish, deyilsa, odamlar uning yoʻliga haftalab koʻz tikishadi. Ana shunday mashhur ashulachi turganida Elchin nimaga kerak boʻlib qoldi? Elchin taklif zamirida qandaydir qitmirlik yotganini fahmla-di-yu, qisqa fursatda oʻsha «qandaydir» nima ekanini anglay olmadi.
— Katta boshingizni kichik qilib kelibsiz, biz nima derdik. Kasbimiz yaxshilarga xizmat qilish.

Hosilboyvachcha yuzini jilmayish epkini silab oʻtdi. Bu quvonish emas, gʻolib odamning magʻrur jilmayishi edi.

2

Elchin toʻyga boribdi?!

Asadbek bu xabarni eshitib, tutoqib ketdi. U «Elchin sal boʻlsa-da, esini yigʻib oldi», deb yanglishganini bildi. «Koʻzi koʻr, aqli past ekan, — deb oʻyladi Asadbek, — bu tagi pastga olov bilan oʻynashishni kim qoʻyibdi?»
— Toʻyda ahvol qanaqa ekan? — deb soʻradi Asadbek, oʻzini bir oz bosib olgach.
— Uloq Hasanalidamish. Elchinga pul qistirishmabdi, — dedi Chuvrindi.
— Ha, tulki! — Asadbek oʻrnidan turib, eshik tomon yurdi. — Ketdik.
— Siz bormaganingiz ma’qul, — dedi Chuvrindi, joyidan jilmay. — Men yigitlarni yubordim. Oʻzlari tinchitishadi.

Asadbek toʻyxonaga kunduzi borib muborakbod etib, sovgʻa-salomini berib kelgan edi. Uning kechki ziyofatlarga kelmasligi koʻpchilikka ma’lum, shu uchun hozir borsa, magʻlubiyatini boʻyniga olgan boʻlib chiqadi. Chuvrindi buni oldindan hisob-kitob qilib qoʻygan edi. Asadbek uning maqsadini darrov tushunib, joyiga qaytdi.
— Siz tashvishlanmang. Bir jihatdan shunday boʻlgani ham durust. Burniga suv kirsa, keyin qadringizga yetadi, — dedi Chuvrindi.

Asadbek xabarni eshitib, titrab oʻtirgan paytda Elchin toʻyda yonib qoʻshiq aytardi. U davraga birinchi chiqishidayoq bu yerga sharmanda boʻlish uchun kelganini angladi. Undan oldin Hasanali chiqqanida uni qiyqirib qarshi olishdi. Hasanali oʻrtaga chiqib, xuddi tsirk artistiday bir qoʻlini yuqori koʻtarib ta’zim qildi. Olqishlar tingach, unga torni ikki qoʻllab uzatishdi. U arzimagan bir odamning maktubini olayotgan podshoday qaddini gʻoz tutib, torga qoʻl uzatdi. Shu onda Hosilboyvachcha unga yaqinlashib, ustidan pul sochdi. Hasanali ashula aytib emas, pul sochishdan, qistirishdan charchadi. Navbat Elchinga yetganida toʻyxonada olqishlar yangramadi. Pullar sochilmadi. Tashqaridan qaragan odam barcha pul avvalgi ashulachiga sarf etilib tugabdi-da, deyishi mumkin edi.

Elchinga bu usul ma’lum. Ashulachini xor qilishning eng madaniy yoʻli shu. Bundan bir vaqtlar Asadbek ham foydalangan. Elchinni boshlab borib, uning obroʻyini oshirish, toʻy egasi chaqirgan hofizni yer qilish uchun shu usulni qoʻllar edi. Hosilboyvachcha aks yoʻl tutdi: oʻzi aytib kelgan qoʻshiqchini oʻzi xor qildi. U atayin davraga chiqmadi. Xuddi Elchinning ashulasini eshitmaganday ulfatlari bilan chaqchaqlashib oʻtiraverdi. Elchinning raqqosasi — toʻylarda yuraverib koʻzi pishgan jonon juvon — Hosilboyvachcha oʻtirgan yerga borib ming muqom qildi, ming ishva bilan suzildi, foydasi boʻlmadi.

...Ana shu paytda Asadbekka xabar ketgan edi...

Elchin izzati bitganini bilib, toʻydan chiqib ketmoqchi ham edi. Biroq oʻzini tutdi. Sharmandalik yukini ortmoqlab chiqib ketgandan koʻra oxirigacha chidashga qaror qildi. Hozir chiqib ketsa — ularga shu kerak — gʻoliblik jomini sipqorishadi, ketmay oʻtiraversa, chiqib ashulasini aytaversa, ular ajablanishadi, balki xavotirga ham tushib qolishar.

Elchin toʻyxonada oʻzining kalaka qilinayotganidan bir ezilsa, ikki toʻda orasida qoʻgʻirchoq boʻlayotganini anglab, ming ezildi. «Bunga avvalroq aqlim yetishi kerak edi», deb oʻzini oʻzi ayblashdan oʻzga chora topmadi. U davraga ikkinchi marta chiqqach, atayin mungli ashulani ayta boshladi. Shirakayf yigitlar kelib, «shoʻxrogʻidan boʻlsin», deb qulogʻiga shivirlab ketishsa ham parvo qilmadi. Toʻyda yayrab, oʻynayman, deb kelgan qizlar, yigitlar betoqat boʻlishdi. Hosilboyvachchaning davrasidagilar ham u tomonga bir-ikki qarab qoʻyishdi. Hozirgina qiziyotgan toʻy soviy boshladi. Toʻy toʻyga emas, ma’ruzachining gaplari yoqmay gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir boshlangan majlisga oʻxshab ketdi. Hosilboyvachcha oʻrnidan turib, Elchin tomon bir qadam qoʻygach, toʻxtadi. Elchin uning toʻxtab qolishi sababini roʻparasida Jamshid paydo boʻlgach, angladi. Jamshid ashuladan mast boʻlgan odamday jilmayib qoʻydi-da, choʻntagidan bir dasta pul chiqarib Elchinning ustidan sochdi. Jamshiddan soʻng yana ikki notanish yigit sochdi. Ana shunda Hosilboyvachcha choʻntagiga qoʻl tiqib oʻrnidan turdi. Ana shunda Elchin ashulani nihoyasiga yetkazmay uzdi-da, joyiga qaytdi.

Uni toʻy oxirigacha davraga chorlamadilar. U esa oʻzini erkin tutgan boʻlib, yeb-ichib oʻtiraverdi. Sheriklarining savol nazarlariga «xotirjam boʻlinglar», degan ma’noda im qoqib qoʻyaverdi.

Toʻy tugab, kelin-kuyov kuzatilgach, Hosilboyvachcha Elchin oʻtirgan ustolga yaqinlashdi.
— Qalay, hofiz, urintirib qoʻymadikmi? — dedi u, Elchinning yelkasiga qoʻl tashlab.
— Maza qildik, aka, — dedi Elchin uning koʻziga tik qarab.
— Akaxonni xursand qildingiz, rahmat, — u shunday deb choʻntagidan ikki taxlam yuz soʻmlik chiqarib, ustol ustiga tashladi. — Yetadimi?

Elchin zaharli jilmayish bilan pullarga qaradi. Bir taxlamni olib, yonida oʻtirgan doirachiga uzatdi-da, «Oʻzing boʻlib ber», dedi. Soʻng ikkinchi taxlamni Hosilboyvachchaga uzatdi:
— Akaxon, men xolis xizmatga kelganman.

Hosilboyvachcha qoshlarini bir chimirdi-yu, ammo sir boy bermadi. Soʻng pulni olib raqqosa oldiga tashladi.
— Oʻyiningga besh ketdim.

U shunday deb burilib, iziga qaytdi.

3

Koʻchada Jamshid kutib turgan edi. Elchin uni koʻrmaganday oʻtib ketmoqchi boʻldi. Ammo sergaklikda uncha-buncha odamga dars bera oladigan Jamshid uning yoʻlini toʻsdi.
— Siz bu yoqqa chiqing, — dedi, qat’iy ohangda.

«Demak, Asadbek olib kelishni buyurgan», deb oʻyladi Elchin. U bir toʻxtamga kelib ulgurmay, Jamshid orqaroqdagi doirachiga buyurdi:
— Torni mana bu moshinga qoʻying. Hofiz akangiz biz bilan birga ketadilar.

Elchin Jamshid bilan gʻidi-bidi aytishni oʻziga ep koʻrmay, mashinaga oʻtirdi. «Asadbekning koʻzi uchib turgan boʻlsa, unga aytadigan ikki ogʻiz shirin soʻzim bor», deb qoʻydi.

Jamshid odatiga sodiq qolgan ravishda jim borardi. Orqa oʻrindiqda oʻtirgan Elchin unga tikilib, oʻylardi: «Asadbek bu laychasini atay yubordimi? Endi menga nimalar deb sasir ekan? «Hosilboyvachcha Asadbekning kuyovini bir pul qildi», degan andishaga chiday olmas harholda...»

Elchin qamoqdan chiqib kelgach, oʻzini aqlan toʻlishgan his qilardi. «Atrofimda sodir boʻlayotgan har bir voqeaga, aytilayotgan har bir gap-soʻzga aqlim yetadi, kimga nima deyishni yaxshi bilaman», deb oʻylardi. Zohiran shunday. Har bir inson yil oʻtgani sayin oʻzini aqlli his qilib boradi. Xuddi shu his uni koʻpga kulgi qiladi yoinki hayot soʻqmogʻida chalib yiqitadi, yiqitganda ham bir umr majruh qilib qoʻyadi. Toʻgʻri, Elchin koʻpni koʻrdi. Nayrang nima, munofiqlik nima, vahshiylik nima — hammasiga tirik guvoh. Ammo, bu nayrang, bu munofiqlik, bu vahshiylik, odam bolasiga yot jamiki illatlar rangi kundan-kunga turlanib turishini hisobga olishni oʻrganmadi. Buni oʻrganishi ham qiyin. Bugun sariq rangda tuslangan vahshiylik ertaga qaysi rangda jilo beradi? Qorami? Yashilmi?.. U Shilimshiqni oʻldirmoq istagida yurganida qaysi rangda edi. Bu jingalak sochli yigitga pichoq sanchayotganida qaysi rangni afzal biladi? Buni uning oʻzi ham bilmaydi. U oʻzi sezmagan holda ikki guruh oʻzaro tepib oʻynaydigan koptok holiga tushdi. Zimdan tayyorlanayotgan olishuv sahnasida bir zarra boʻlib qolganini u hali tushunib yetmasdi.

Jamshid shohkoʻchadan toʻgʻriga yurmay, chapga burilgach, Elchin ajablandi. «Demak, bugun Asadbek meni koʻrishni istamaydi. Demak, bu tun oʻylanadi, reja tuzadi. Asadbek qoʻlida qoʻgʻirchoqqa aylanganingiz muborak boʻlsin, Elchinboy. Qasoskor erkak sizmi edingiz?» Elchin darvozasi yonida toʻxtagan mashinadan tushib, torini qoʻltiqlagan holda qoldi. Jamshid xayr ham demay, joʻnab ketdi. Elchin choʻntagidan kalit chiqardi-yu, qulfga solishga qoʻli bormadi. Nima uchundir uyiga kirgisi kelmadi. Kimgadir dardini aytishni istadi. Uning dardini yarim kechada kim eshitadi? Zelixon boʻlganida eshitardi. Lekin u Fargʻonadan qaytgach, «zarur ishni» bahona qilib, Maskovga joʻnab qolgan. Elchinning dardini Anvar ham eshitishi mumkin. Lekin uygʻotib, xotini bagʻridan chiqib unga quloq tutish malol kelsa-chi? Elchin shu fikrlarni xayolidan oʻtkazib, oʻzini nochor, yolgʻiz sezdi. Atrofda «azizim, birodarim, doʻstim...» deydigan odamlar koʻp. Ammo dardini eshitadigan inson yoʻq boʻlsa ham qiyin ekan. «Odamlar qamoqdan qoʻrqishadi, — deb oʻyladi Elchin. — Axir shu yorugʻ jahonning oʻzi turma-ku? Yonma-yon yashaysan, lekin bir-biringga ishonmaysan. Bu Yer deganlari gunohkor bandalarning surgun muddatini oʻtovchi joyi emasmi? Qamoqxonada har bir barak oʻziga xos bir mamlakat. Har bir barakning oʻz qonuni, oʻz urfi, oʻz podshosi bor. Yer yuzidagi har bir mamlakat qamoqxonalardagi baraklardan nimasi bilan farq qiladi? Dindorlarning gaplari balki toʻgʻridir? Odam bolasi chindan ham sinov uchun bu dunyoda yashar? Sinovdan oʻtsa — ozodlikka chiqadi, jannatga tushadi. Oʻtmasa jahannam azobida qoladi...»

4

Zaynab erini kutib, uxlamay oʻtirgan edi. Mashina kelib toʻxtaganini bildi. Mashina eshigi tez ochilib, tez yopildi. Mashina shitob bilan qoʻzgʻoldi. Zaynab otarchilar shilta yoʻllardan yuradilar, deb koʻp eshitgan edi. Erining toʻyga borajagini bilganidan beri, shu yoʻlda yurib keladi, degan fikr unga tinchlik bermayotgan edi. Darvoza eshigi hadeganda ochilmay, eri kiravermagach miyasiga oʻrnashgan gumon haqiqatga aylanaverdi. Nazarida eri oʻynashi bilan tushib qolib, darvoza oldida quchoqlashib turganday tuyulaverdi. Yelkasiga qalin roʻmolini tashlab, tashqariga chiqdi. Devor oldiga kelib, koʻcha tomonga quloq osdi. U kutgan hansirashlar, pichirlashlar, hiringlashlar eshitilmadi. «Mashina qoʻshnilarnikiga kelgandir» — Zaynab shu fikrda iziga qaytmoqchi edi, koʻcha tomonda Elchin yengil yoʻtaldi. Zaynab sergak tortib, yana qulogʻini ding qildi. «Nimaga kirmayaptilar?» deb ajablandi. Qancha oʻylamasin, savoliga javob topolmadi. Kuta-kuta, oxiri eshikni oʻzi ochdi.

Torini quchoqlab gʻarib ahvolda turgan erini koʻrib, hayrati yana oshdi. Elchin qoʻqqis eshik ochilganida bir choʻchib tushdi. Ayvonda yonib turgan chiroq nuri bu yerga arang yetib kelardi. Shu sababli Elchin xotini koʻzidagi ajablanishni sezmadi. Zaynab ham erining koʻzidagi hayronlik alomatini ilgʻamadi.
— Zaynab? Tinchlikmi? — dedi Elchin. Uning tili gapga kelmay, ovozi soqov odamnikiday gʻoʻldirab chiqdi. Zaynab «mast ekan», degan xayolga borib, past ovozda:
— Tinchlik, — dedi, — kiring...

«Kutayotgan ekan!» Shu fikr Elchinning koʻnglini yoritib, yelkasidan bosib turgan dardni quvganday boʻldi. Ostona hatlab oʻtib, eshikni yopgach, bir qoʻlini xotinining beliga yuborib, uni oʻpmoqchi boʻldi. Zaynab yuzini olib qochdi, oʻptirmadi. Elchin buni nozli araz oʻrnida qabul qilib, koʻngli yanada ravshanlashdi. «Shunchalik kutdimi, shunchalik arazladimi, demak, yaxshi koʻradi» degan qarorga keldi. Ichkari kirib plashchini yechgach, uni yana quchmoqchi boʻldi. Zaynab bir toʻlgʻonib uning quchogʻidan chiqdi-da:
— Avval yuvining, — dedi.

Bu gapdan soʻng Elchinning ustidan sovuq suv quyilganday boʻldi.
— Sen hali... meni shunaqa sayoq... shaltoq deb oʻylaysanmi?!

Zaynab erining koʻzlariga qarab bir olam gʻam koʻrdi. Yana bir gap aytsa, nazarida eri yigʻlab yuboradiganday tuyuldi. Gapi qoʻpol chiqqanini anglab, yumshatishga harakat qildi:
— Faqat sayoq odam yuvinadimi? Begona joylarda oʻtirdingiz, begona odamlar bilan koʻrishgansiz... Darrov egrilikka olmang-da... — Shunday deb erining yuzini silab qoʻydi. Elchin bu yumshoq qoʻlning taftini sezmadi. «Bugun oʻzi tuproqqa qorishtiradigan kun ekan», deb hammomga qarab yurdi.

5

Elchin yuvinayotgan mahalda Anvar shirin uyquda edi. Birdan uygʻondi. Uygʻonganda ham sergak, tiniqqan holda uygʻondi. Birpas jim yotdi. Peshonasi qiziy boshlagach, oʻrnidan turib mehmonxonaga chiqdi. Derazadan tushib turgan nurni koʻrib, shoshib eshikni yopdi.
— Seni biz uygʻotdik, — degan yoqimli ovoz kelgach, nur ustiga oyoq qoʻymoqchi boʻldi.
— Seni hozir olib bormaymiz, — dedi yana yoqimli ovoz.
— Men Zunnuniy bilan uchrashmoqchiman, soʻraydigan gaplarim bor.
— Yerdagi hayot bilan vidolashganingdan keyin uchrashasan.
— Asqar Qosim bilan-chi?
— U bilan ham... Sen bizning borligimizga ishondingmi?
— Ha.
— Yerdagi hayot bilan xayrlashishga tayyormisan?
— Yoʻq.
— Nima uchun?
— Odam oʻzini oʻzi oʻldirishi oson emas. Men hayotdan toʻyganim yoʻq.
— Bugun boʻlmasa ertaga toʻyasan. Xolidiy endi battar avjiga chiqadi. Atrofdagilar seni talashadi. Koʻz ochirishmaydi. Sen oʻzgarishlarga ishonib xato qilyapsan. Odam egnidagi libos oʻzgaryapti, yurak emas. Shunga aqling yetmaydimi?
— Bilib turibman... lekin menga ozgina muhlat bering.
— Vaqtni choʻzma. Bilib qoʻy: doʻstingning doʻsti xavf ostida, yoʻldan qaytmasa, halok boʻladi.
— Kim?
— Doʻstingning doʻsti...

Shu gapdan keyin nur chekinib, xona qorongʻilashdi. Anvar holsizlanib, ustulga oʻtirdi. Nurning jumboqli gapi uni tashvishga soldi. Doʻstimning doʻsti kim ekan, deb oʻylandi. «Doʻstga oʻxshab yurganlar koʻp. Hammasini ogohlantirib chiqamanmi? Yo eng yaqin, eng chin doʻstlarnimi? Yoʻldan qaytmasa halok boʻladi... Qanaqa yoʻldan? Birovi amal talashayotgandir, birovi mol-dunyo qaygʻusi bilan yashayotgandir, birovi boshqasining chiroyli xotinini yoʻldan urmoqqa kirishgandir... Qaysi biri halok boʻladi? Nur nima uchun meni ogohlantirdi? Doʻstimning doʻsti halok boʻlishini istamadi. Ammo meni shoshiryapti. Men unga «hayotdan toʻymadim», dedim. Shu gapdan achchiqlanib, darrov gʻoyib boʻldimi? Men... hayotdan toʻymadimmi?..»

«Hayotdan toʻyish» degan gap tildan osongina uchadi. Shu ikkitagina soʻzdan iborat tushunchaning oʻq ildizini topish esa juda mushkul. Har kim hayotdan har xil lazzat oladi. Kimdir maishatdan, fohishalar davrasida yayrab tun oʻtkazishdan, boshqa birov esa ana shu harom yoʻlga yurmaganidan lazzatlanadi. Kimdir toʻplagan mol-dunyosiga qaragan sayin koʻzi quvnaydi, boshqasi teshik togʻoraga qarab, qorin va nafs bandasi boʻlmagani uchun Yaratganga shukr qiladi.

Xuddi shunga oʻxshash, hayotdan toʻyish ham turlicha. Birov mol-dunyosidan ayrilsa, hayotdan toʻyadi. Birov haqsiz dunyodagi nayranglardan toʻyadi... Anvar nimadan toʻysin? Xolidiyning hiylalariga chiday olmaganini oshkor etib, bu dunyodan ketvorsinmi? Dunyoni Xolidiylarga tashlab qochsinmi? Asqar Qosim ketdi. Nima oʻzgardi? Kim insofga kirdi? Kimning koʻzi ochildi? Uning isyonini kim anglab yetdi?

Anvarning xayoliga shu gaplar kelib, beixtiyor oʻrnidan turdi. Deraza oldiga borib, osmonga qaradi. Osmon tund. Yulduzlar koʻrinmaydi. Bulut ortiga yashiringan yulduzni xayolan koʻz oldiga keltirib, unga murojaat etdi:
— Meni olib ketsalaring yaxshi boʻlardi. Zunnuniy bilan gaplashardim. Asqar Qosimdan soʻraydigan gaplarim bor edi. Oʻzimni oʻldirishim qochmaydi. Orqamdan chirqirab qoladigan bir etak bolalarim yoʻq. Hayotdan umidim ham yoʻq. Ammo hozir bir adolatni tiklash imkoni tugʻilganida, qochib qolish nomardlikda. Oʻlimdan qoʻrqayotganim yoʻq. Oʻlganimdan soʻng Xolidiylarning xursand boʻlishlarini istamayapman. Menga fursat bering. Ozgina fursat...

XXI bob

1

Yonib ketgan mashinadan topilgan tunukacha temir yoʻl bekati yukxonasining belgisi ekan. Tunukachaga zarb etilgan raqam boʻyicha ikkita katta jomadon saqlanardi. Jomadonlar xaridorgir kiyim-kechaklar bilan toʻla edi. Tramvay pattasidagi raqamlarga qarab ish yuritish qiyin boʻldi. Nihoyat, avtomat yukxonalardan ikkitasining tilsimi yechildi. Ikkovida bir xil qora sumka turar, ikkovi ham qumli xaltachalar bilan toʻla edi. Tarkibida oltin boʻlgan qum qaerdan olinganu kimga sotilishi kerak? Mayor Solievni ham, Zohidni ham shu jumboq garang qildi.
— Boyligi million soʻmdan kam emas, — dedi Soliev oʻzicha chamalab. — Bular sotganlaridan qolganlari. Shuncha puli bor odam taksini oʻgʻirlab yurarkanmi?
— Taksoparkdagilarni qoʻrqitib olgan boʻlsa-chi?
— Unda nima uchun aytishmayapti? Komilovning harakatiga ham tushunib boʻlmayapti.
— Boylik balki uniki emasdir? U biror kishining yoki guruhning dastyori boʻlsa-chi?
— Dastyor boʻlganida boylikning iziga tushishardi. Uy bekasi keldimi, gaplashdingmi?
— Yoʻq. Ikki marta chaqirtirdim. Bugun Tolipovni yubordim, olib keladi.

Zohid ham, mayor ham kalavaning uchini topmoq uchun turli taxminlarni oʻrtaga tashlashar edi. Hozir, boshlari qotib turganida siz borib: «Qotil san’atkor, u oʻchini oldi», desangiz, sira ishonmaydi. Chunki million soʻmlik boylikka ega odam oddiy qasos qurboni boʻlishi mumkinligi kam uchraydigan hodisa.

Soliev Zohid bilan xayrlashib, oʻrnidan turgan choqda telefon jiringladi. Hamdam Tolipov Shilimshiq yashagan uyning bekasi uch kun burun, ya’ni tintuvning ertasiga jomadonlarini koʻtarib ketganini, yoʻlda uchragan qoʻshnisiga «Chet elga ketyapman», deganini ma’lum qildi. Bu xabarni eshitgan mayor Soliev joyiga qaytib oʻtirdi-da, «nima qilamiz?» degan savol nazari bilan Zohidga tikildi. Zohid bunday boʻlishini kutmagan, chunki Sanginaning xatti-harakati unda shubha uygʻotmagan edi.
— Bizdan qochadigan darajada koʻp narsa bilarkanmi? — dedi Zohid past ovozda, xuddi oʻziga-oʻzi gapirganday.
— U qotillikdan balki bexabardir. Lekin beixtiyor holda qotillar yoʻlini koʻrsatib qoʻyishi ham mumkin boʻlgan. Komilovni bu uyga kim joylashtirgan? Shu odamni topish kerak.
— Oʻrinbosar-chi? — Zohid shunday deb telefon goʻshagini koʻtarib, raqam terdi. — Balki uni ham...

Boshliq Zohidning ovozini tanib, quyuq hol-ahvol soʻradi. Keyin xuddi Zohidning maqsadini bilganday, qoʻshib qoʻydi:
— Tojimullaevning sal toblari yoʻq shekilli. Kecha telefon qilib, uzrlarini aytuvdilar. Bugun ham koʻrinmadilar. Uylaridan soʻrab koʻraymi?
— Ha. Iloji boʻlsa, bir kelib ketsinlar, — Zohid shunday deb goʻshakni joyiga qoʻydi.
— Uyiga borish kerak, — dedi Soliev.
— Hozir, bilaylik-chi? Rostdan tobi qochganmi yo ayyor kasalmikin?
— Kasal boʻlsa mayli-ya, u ham «chet elga» joʻnab qolmaganmikin?

Shu payt telefon jiringlab, ularning tusmolli suhbatlarini uzdi. Telefon goʻshagidan Boshliqning xavotirli ovozi eshitildi:
— Uyda yoʻq, kecha «safarga ketdim», deb chiqqan ekan.
— Hozir yetib boramiz. — Zohid goʻshakni joyiga qoʻydiyu Solievga savol nazari bilan qaradi.

Sarosimaga tushgan Boshliq xonasiga sigʻmay, ularni koʻchada betoqat boʻlib kutardi. U salom-alikni ham unutib, yangi xabar bilan qarshiladi:
— Kecha ertalab ishga kelganini farrosh koʻrgan ekan. Unga ham safarga ketyapman, debdi.

Oʻrinbosarning qabulxonasida yoshi yetmishlarga borib qolgan ozgʻin kampir oʻtirgan edi. Soliev uning yonidagi boʻsh stulga oʻtirdi. Zohid deraza tomonga oʻtdi.
— Tojimullaevni soat nechalarda koʻrdingiz?
— Sekkiz bulmagʻon edi. Min ubirat etib yurgʻon edim. Kelib, Ani, chiqib turingʻiz, dedilar. Chiqib turdim.
— Menga soat yetti yarimda qoʻngʻiroq qilib, tobim yoʻq, devdi...

Soliev Boshliqning luqmasiga e’tibor bermay farrosh bilan suhbatini davom ettirdi:
— Koʻrinishi qanday edi?
— Normalniy edi.
— Bir narsadan jahli chiqqani sezilmadimi yo shoshib turganmidi?

Kampir biroz oʻylandi.
— Nemnojko nervnichat etti. Minga «Salom, Ani», dedi, i vsyo. A to, yaxshi surashar edi. Zdrovyamni, semyamni surar edi.
— Ichkarida nima qildi? Masalan, temir javonni ochib-yopgani sizga eshitilmadimi?
— Yoʻq, hich narsa ishitmadim. Noʻ, chigʻib ketgʻonlaridan sungra qarasam, seyfda kluchlari turibdi. Min udivlyatsya ettim. Kluchni olib, ustollariga spryatat ettim.
— Qaerga, koʻrsating.

Kampir turib, yozuv ustoliga aylanib oʻtib, pastdagi tortmaga qoʻl yubormoqchi boʻlganida, mayor uni toʻxtatdi:
— Ani, boʻldi, qoʻl urmang. Tojimullaev qaysi shaharga ketayotganini aytmadimi?
— Vrode Buxara dedi.

Mayor Soliev Zohidga savol nazari bilan qaradi. Zohid uning nima demoqchi boʻlganini anglab, Boshliqqa imlab qoʻyib, qabulxonaga chiqdi-da:
— Telefoningizdan foydalansam maylimi? — deb soʻradi.

Sarosimasi bosilmagan Boshliqqa bu iltimos ulugʻ bir lutf boʻlib tuyulib, xona eshigini ochib, biroz ta’zim qilgan holda «marhamat», dedi. Zohid, eshik ohistagina yopilgach, telefon goʻshagini koʻtardi. Avval ekspertiza xizmatini chaqirdi. Keyin Hamdam Tolipovni topdi-da, aeroportga borib, Tojimullaevning qay tomonga uchganini aniqlashni topshirdi. Oʻrinbosarning xonasiga qaytganida Soliev farroshni hamon savolga tutardi:
— Tojimullaev qanaqa mashinada keldi, koʻrmadingizmi?
— Vrode taksida keldi, — farrosh shunday deb, «adashmadimmi?» deganday boshligʻiga qarab qoʻydi.
— Xizmat mashinasini qisqartirganmiz. Taksida kelgan boʻlishi mumkin, — dedi boshliq, aniqlik kiritib.

Soliev kampirni boshqa savolga tutmadi. Unga ijozat ham bermadi. Ekspertlar yetib kelishgach, kampir bilan boshliqning guvohligida temir javon ochildi. Ustolning tortmalari tintib koʻrildi. Biron-bir ashyoviy dalil topilmagach, Tojimullaevning uyiga yoʻl olishdi. Dangʻillama qilib solingan imorat ichi qashshoq koʻrinishda edi. Parket pollardagi, devorlardagi izlarga qarab, uzoq vaqt gilam toʻshalgan, osilgan ekanini payqash qiyin emasdi. Devorni enlab turgan xorij javonining tokchalari ham gʻaribgina koʻrinishda. Garchi chang-chung artilgan boʻlsa-da, bu tokchalarda nimalar turganini aniqlash ekspert uchun choʻt emasdi. Solievni hozir bu narsalar qiziqtirmas edi. Shu sababli ularni ishga solmadi. Tojimullaevning xotini avvaliga oʻzini goʻllikka soldi. «Qaydam, bilmayman, qayoqqa ketayotganlarini menga aytmadilar», dedi. Zohid Tojimullaev xavfli oʻyinga aralashib qolganini, hayoti xavf ostida ekanini aytgach, yigʻlamsirab turib:
— Buxorodalar, — dedi. — Bugun telefon qildilar. Xavotir olma, dedilar.
— Qaerda turishlari ma’lummi?
— Ha, xolavachchalarinikida.
— Manzilini ayting.

Zohid ayol aytgan manzilni tez-tez yozib oldi-da, telefon turgan xonaga oʻtdi. Yarim soat oʻtmay, telefon jiringlab, Tojimullaev topilgani ma’lum qilingach, ular idoraga qaytishdi.
— Tez topilganiga hayron boʻlyapman, — dedi Zohid, yoʻlda bora turib.
— Tojimullaev soddamugʻambirga oʻxshaydi. U ishdan ishkal chiqishidan qoʻrqmagan. Uni choʻchitishgan boʻlishlari mumkin.
— Kim, Komilovni oʻldirganlarmi?
— Balki.
— Uning qotillikka aralashganiga ishongim kelmaydi.
— Bevosita aralashmagandir. Lekin u bizga Komilov yashagan uyni koʻrsatib berib nodonlik qildi. Har holda u bizdan qochmagan. Qidirib, topib, qoʻlga olishimizni oʻzi istagan. Bizdan qochganda farroshga «Buxoroga ketyapman», demas edi.
— Oʻzining soyasidan ham choʻchiydigan odamga oʻxshaydi. Birinchi kelishidayoq toʻrvaxaltasini shaylab olgan ekan.
— Shunaqa odamlarni jinim suymaydi. Sichqonga oʻxshab yashashning nima qizigʻi bor. Sichqonni hech kuzatganmisan? Nonni bir choʻqilaydi, oʻn marta atrofiga qarab oladi. Bir qop bugʻdoyni tashib ketadi indamasang. Holbuki unga bir chelagi ham yetib ortadi. Lekin u tashiyveradi, tashiyveradi. Oxiri qopda bir dona bugʻdoy qolganida qopqonga tushadi. Endi tasavvur qilib koʻr: bir qopda million don bormi? Demak, million marta qopqonga tushishdan qoʻrqib yashagan. Tojimullaeving ham shunaqa. Oʻgʻri boʻl, mard boʻl-da! Xudo yurakdan bermagan ekan, tinchgina, oziga shukr qilib, maoshingga yashayvermaysanmi?
— Yurak-ku, yoʻq, ammo koʻz och-da.
— Odamning koʻzi tuproq bilan toʻyadi. Ungacha «ber, ber», deyaveradi. Mahmadona faylasuflaring jinoyat haqida gapirsa, «siyosiy-ijtimoiy ildizlar» deb miyani achitadi. Hech qanaqa ildiz yoʻq. Hamma balo koʻzda. Nazar toʻq boʻlsa, hasad ham, igʻvo ham, ta’qib ham boʻlmaydi. Kecha mahallamizda bir chol gapirib qoldi: koʻz zinosi ham boʻlarkan.
— Bu nima degani ekan?

Soliev «rostdan bilmaysanmi?» degan ma’noda ajablanib qarab qoʻydi.
— Zino — buzuqlikmi, harom yoʻl bilan toʻshakka yotishmi? Agar bir pokiza ayolga shunday yomon fikr bilan qarab qoʻysang, koʻz zinosi boʻlarkan. Buning gunohi harom toʻshakda yotganning gunohidan kam boʻlmas ekan.

Zohid bu gapni eshitib, kulimsirab qoʻydi:
— Koʻchada koʻzimizni yumib yurarkanmiz-da endi?
— Tojimullaev bilan taksoparkdagilarning xizmati bir, — dedi Soliev, uning haziliga e’tibor bermay. — Ular kimgadir xolis xizmat qilishgan. Taksoparkdan mashina soʻrashgan, ular yoʻq, deya olishmagan. Tojimullaev esa «ishlayapti», deb rasmiylashtirib qoʻygan. Hozir birov bilan birovning ishi yoʻq. Komilov qamoqdan chiqqan mahallarda bu masalaga qattiq turilardi. Oʻgʻrimi, chayqovchimi, bir idoraga ilinib olardi. Endi Tojimullaeving ikki tigʻ orasida tipirchilab qoldi. Bir biqiniga biz tirab turibmiz, ikkinchisiga ular. Komilov yashagan uyni koʻrsatgani uchun ular Tojimullaevni siquvga olishgan boʻlsa, u bechoraning yuragi chiqib ketgan.
— Ularning oʻrnida men boʻlganimda Tojimullaevga tuhmat qilardim. Komilovning qon tekkan kiyimini uyiga tashlab qoʻyardim.
— Bunaqa ashulalar eskirib qolgan. Oʻqib yurganingda bir gap aytganman, esingdami? — Soliev eslab koʻrsin, degan maqsadda sukut saqladi.
— Siz menga koʻp gaplarni aytgansiz.

Soliev miyigʻida kuldi:
— Qaysi biri esingda?
— Daraxt koʻchada oʻsgani bilan ildizi koʻrkam imoratlarning tagiga qarab ketgan boʻladi, devdingiz. Oʻzingizning esingizdami bu gap?

Soliev picha oʻylanib, bu savol qopqonidan hazil bilan qutulmoqchi boʻldi:
— Bunaqa aqlli gaplarni koʻp aytganman. Men hozir sendan boshqa narsani soʻramoqchi edim: senlar oliy ma’lumot olaman, deb besh yil kitob titasanlar. Kitoblarda oʻtgan gaplar yoziladi. Jinoyatchi kitobga tushgan yoʻldan yurmaydi sira. Bu yoʻlda tez fosh boʻlishini biladi. U bizdan oldinroqda yuradi. Bizning aqlimiz ham, texnikamiz ham ularning izidan boradi. Usta shaxmatchi raqibining hech boʻlmasa uch-toʻrt yurishini oldindan bilib turadi. Senga oʻxshaganlar tamom boʻlgan oʻyinni oʻrganib yuraverasanlar.
— Usta shaxmatchilar ilgarigi oʻyinlarning yurishlaridan ham foydalanishadi. Odam eski ashulani ham ba’zan sogʻinib qoladi.
— Harholda bizning sohada eski ashuladan qoʻrqish kerak. Oʻtgan oʻyindagi yurishdan foydalanib, sira kutilmagan, motga olib boradigan zarbaga uchraysan. Chunki sen raqibingning usulini yod olgansan. U buni biladi. Sen «ha, oʻzimiz bilgan yurishda», deb xotirjam boʻlasan. Shunda u bir zarb beradiki, oʻnglanib ololmaysan.

Ular yoʻl-yoʻlakay oʻzlaricha falsafa soʻqib borishardi. Soliev bir jihatdan haq edi. Gʻanim tomon besh-olti yil kitob titmagan. Shuning uchun boʻlsa kerak, erkin fikrlaydi, erkin yurish qiladi, kutilmagan zarba beradi. Solievlarni qiynaydigan yana bir tomoni bor: har qanday polvon kurashga tushganda avvalo oʻz kuchiga ishonadi. Ammo uni «ha barakalla», deguvchi ragʻbatchisi, homiysi ham boʻladi. Solievlarning homiylari, shubhasiz, shinam xonalarda oʻtirishadi, ularni alqashadi, nishonlar, mukofotlar berishadi, biroq, zimdan raqib tomonga ham xizmat qilishadi. Ulardan qoʻrqishadimi yo ulushlarini olib turishadimi, harholda Solievlarning nozik tomonlarini ularga bildirib qoʻyishadi. Solievga bu yaxshi ma’lum. Shu bois biron jinoyat iziga tushganida daraxtning ildizi qaysi imorat ostida ekan, deb oʻylaydi. Necha marta ildizni topdi, ammo qirqa olmadi — yoʻl qoʻyishmadi. «Sen daraxt kesuvchisan, ildiz kemiruvchi emassan», deyishadi. Zohid bu oʻyinlarni zohiran biladi. Eshitgan, lekin bu savdolar hali boshiga tushmagan. U ildizga yetib borishiga, bolta urishiga ishonadi. Noumid — shayton, yosh koʻngil shu umid bilan yashayversin. Yoshlik — asli umid deb atalgan, afsuski, qumdan yasalgan bir imorat. Uni shamol osongina toʻzitadi, yomgʻir yuvib ketadi...

2

Buxorodagi qarindoshlarinikida konyak ichib oʻtirgan Tojimullaev uch soat deganda oʻzini katta shaharning jinoyat qidiruv boʻlimida koʻrdi. Qarindoshlarinikiga milisalar kirib kelishganida «xayriyat» deb qoʻydi. Ayni choqda, yuragiga gʻulgʻula tushib, gʻoyibdan «endi tamom boʻlding», degan ovoz eshitganday boʻldi. Tugʻilgan odam qachondir oʻlishini bilgandek, u bir kunmas-bir kun qamalishi aniqligini bilardi. U faqat bir narsadan — ne azoblar bilan, misqollab toʻplagan boyligining bir kechada uchib ketishidangina choʻchirdi. Boyligini balki boshqalar harom der. Ammo u uchun har bir tiyin halol, mehnati bilan topgan. Axir shu yillar ichi u nechta boshliq koʻrdi? Hammasining tomogʻi teshik edi. Yeb toʻymasdi. Choʻntagini qappaytirib, yana yuqori amallarga koʻtarilib ketaverardi. U esa mehribon enagaday tirjayib, joyida qolaverardi. Boshliq izidan kelganiga «bu zoʻr odam, ehtiyot qiling», deb ketardi. Lekin biron odam «mening oʻrnimga boshliq boʻlib qolsin», demasdi. Nomi «oʻrinbosar», biroq, oʻrnini bosa olmadi, ega boʻla olmadi.

Kurortdagi ayshini uzib, uyiga qaytishi bilan boyliklarini yashirishga kirishdi. U hali nima gap boʻlganini bilmas edi. Boshligʻi bilan gaplashishga ham ulgurmadi. Ammo koʻngli sezdi. Bir balo boʻlmasa uni chaqirtirishmas edi. Uyni-ku, amalladi. Nazarida, orqasidan kimdir kuzatib turganday boʻlaverdi. Oxiri jur’at etdi. Oʻz koʻnglida tulkilik qildi. «Ozgina aqcha»ni shu shaharning oʻziga, ishonchli yerga qoʻydi-yu, Buxoroga uchdi. Agar gumon qilishsa boylikni Buxorodan qidiraverishadi. Uyida birov daxl qiladigan narsa yoʻq hisob. Uy xotinining nomida, mashina qaynonasining... hammasiga ishonch qogʻozi bor. Ba’zan kal peshonasini silab oʻylab qoladi, oʻylay-oʻylay, dunyoning oʻzi omonat boʻlganidan keyin topgan mol-mulk boqiy qolarmidi, degan qarorga kelib, oʻziga taskin beradi. Misqollab yigʻib-terganlarining birovlar nomiga zikr etilishi unga ham alam qiladi, ham qoʻrqadi. Ayniqsa mashinadan. Qaynonasi anchadan beri ana ketdi, mana ketdi, boʻlib yotibdi. Kampirning peshonasida birgina oʻgʻil. Agar kampir omonatini topshirsa, oʻgʻil, ya’ni uning qayin inisi merosxoʻr sifatida mashinaga ega chiqishi hech gapmas. Tojimullaev uning sulloh koʻzlarini yoqtirmaydi. Yoqtirmasligini xotinidan yashirmaydi. Shu tufayli er-xotin koʻp san-manga borishgan. Tojimullaev hammasidan ham qaynisining ovqat yeyishiga toqat qilolmaydi. «Ukang buldozerga oʻxshab birpasda laganni tekislab tashlaydi», deb mingʻillaydi. Oʻzi buvisining «koʻp ovqat yesang, ichaging yorilib ketadi», degan gapiga ishonib, kamovqat boʻlgan. Buvisi qizgʻanganidan emas, yoʻqchilikdan shu gapni toʻqib chiqargan edi. Moʻl-koʻlchilik damlariga yetib kelganida, shubhasiz, «men hazillashgan edim», deb gapini qaytarib olarmidi... Nachora, buvisi koʻp ovqat ichakni yorib yuborajagiga ishontirib ketdi. Tojimullaev esa beqiyos baxil boʻlib qoldi. Oʻgʻlini uylantirgach, kelinning ovqat yeyishini koʻrib, yuragi zil ketdi. «Oʻzi chigirtkadek boʻlsa ham balo ekan», deb qoʻydi. Aksiga olib, kelin tansiq mevalarga boshi qorongʻi boʻlsami?! Tojimullaevning nazarida butun dunyo qorongʻu boʻlib ketdi. Nazarida kelini koʻzi yorigunga qadar bor mol-mulkini yeb bitiradiganday edi.

Buvisi «koʻp ovqat ichakni yoradi», deganida balki haromdan topilgan ovqatni nazarda tutgandir? Tojimullaev ikki yigit oʻrtasida samolyotga chiqib oʻtirgach, birdan shuni oʻyladi. Samolyotning dumaloq derazasi yonidan joy olgach, yigitlardan biri uning oʻng qoʻlini oʻrindiq suyanchigʻiga kishanlab qoʻydi. Kishan zulfining «shirq» etishi jonini olganday boʻldi. Xayoli toʻzib ketdi. Hozirgina bayon etilgan gaplar ana shundan keyin xotirasidan oʻtdi.

Mayor Soliev uni sichqonga oʻxshatdi. Bu ham toʻgʻri. Ammo keyingi kunlardagi ishi tulkining qiligʻini eslatardi. Tulki oʻljasini yashirib, ustiga qumalogʻini tashlab qoʻyarkan. Boshqa hayvonlar hid olib kelib, qumaloqni koʻrib qaytib ketaverarkan. Tojimullaev-ku, tulkidir, ammo boylik qidirilguday boʻlsa, izlaydiganlar nodon hayvonday izlariga qaytishmas? Tojimullaev bu izlovchilarni chalgʻitish uchun xayolidagi gapini puxta qilib olgan edi. U Zohid bilan suhbat qurishni moʻljallagan edi. «Yosh yigitni koʻndirish osonroq», deb oʻylovdi. Solievga duch keldiyu ish pachavaligini angladi.

«— Nimaga qochdingiz?
— Meni oʻgʻirlamoqchi boʻlishdi.
— Kim?
— Mafiya boʻlsa kerak.
— Qanaqa mafiya?
— Buni sizlar bilsangiz kerak?»

Nazarida suhbat shu tarzda boshlanishi lozim edi. Biroq oʻzini mayor Soliev deb tanishtirgan odam, indamay, unga qattiq tikilib oʻtiraverdi. «Gipnozchimi, nima balo?» deb oʻyladi Tojimullaev. Soʻng avrab tashlamasin, degan tashvishda oʻylab qoʻygan gaplarini ayta boshladi:
— Bu ukamiz hech qayoqqa ketmang, devdilar. Lekin men qoʻrqdim. Qoʻrqitishdi. Oʻldirib ketamiz, deyishdi.

Buvisi «koʻp ovqat ichakni yoradi», deganida balki haromdan topilgan ovqatni nazarda tutgandir? Tojimullaev ikki yigit oʻrtasida samolyotga chiqib oʻtirgach, birdan shuni oʻyladi. Samolyotning dumaloq derazasi yonidan joy olgach, yigitlardan biri uning oʻng qoʻlini oʻrindiq suyanchigʻiga kishanlab qoʻydi. Kishan zulfining «shirq» etishi jonini olganday boʻldi. Xayoli toʻzib ketdi. Hozirgina bayon etilgan gaplar ana shundan keyin xotirasidan oʻtdi.

Mayor Soliev uni sichqonga oʻxshatdi. Bu ham toʻgʻri. Ammo keyingi kunlardagi ishi tulkining qiligʻini eslatardi. Tulki oʻljasini yashirib, ustiga qumalogʻini tashlab qoʻyarkan. Boshqa hayvonlar hid olib kelib, qumaloqni koʻrib qaytib ketaverarkan. Tojimullaev-ku, tulkidir, ammo boylik qidirilguday boʻlsa, izlaydiganlar nodon hayvonday izlariga qaytishmas? Tojimullaev bu izlovchilarni chalgʻitish uchun xayolidagi gapini puxta qilib olgan edi. U Zohid bilan suhbat qurishni moʻljallagan edi. «Yosh yigitni koʻndirish osonroq», deb oʻylovdi. Solievga duch keldiyu ish pachavaligini angladi.

«— Nimaga qochdingiz?
— Meni oʻgʻirlamoqchi boʻlishdi.
— Kim?
— Mafiya boʻlsa kerak.
— Qanaqa mafiya?
— Buni sizlar bilsangiz kerak?»

Nazarida suhbat shu tarzda boshlanishi lozim edi. Biroq oʻzini mayor Soliev deb tanishtirgan odam, indamay, unga qattiq tikilib oʻtiraverdi. «Gipnozchimi, nima balo?» deb oʻyladi Tojimullaev. Soʻng avrab tashlamasin, degan tashvishda oʻylab qoʻygan gaplarini ayta boshladi:
— Bu ukamiz hech qayoqqa ketmang, devdilar. Lekin men qoʻrqdim. Qoʻrqitishdi. Oʻldirib ketamiz, deyishdi.

Soliev indamadi. «Kim, deb soʻrasa oʻladimi», deb oʻyladi Tojimullaev.
— Telefon qilishdi. Uyimga xat tashlab ketishdi.

U shunday deb yon choʻntagidan toʻrt buklangan qogʻoz chiqardi. Katak daftarning bir varagʻiga kalla suyagining surati chizilgan edi.

Soliev qogʻozni olib bir nazar tashladi-da, Zohidga uzatdi:
— Ekspertizaga, — dedi buyruq ohangida.
— Qoʻlqopda chizgan boʻlishi mumkin, — dedi Tojimullaev.

U prokuratura tergovchisi bilan jinoyat qidiruv boʻlimining inspektori orasidagi farqni bilmas edi. Shu sababli mayorni shu idoraning ulugʻlaridan deb bilib, unga umid koʻzi bilan qaradi. Uning bu koʻz qarashi shu tobda pichoq qayrayotgan qassobga qarab turgan qoʻzichoqni eslatardi. Qoʻzichoqning bunday qarashi, mungli ma’rashi qassobni yoʻldan qaytarolmagani kabi, jinoyatchining bunday moʻltirashi Solievni chalgʻita olmas edi. U Tojimullaevdan qahrli nigohini uzmagan holda yana bir oz jim oʻtirdi. Soʻng, Tojimullaev oʻzi kutmagan savolni eshitdi:
— Komilovni ishga kim joylashtirgan?

Tojimullaev gangib qoldi. Chunki u «Sizni kim qoʻrqitgan boʻlishi mumkin» degan savolga javob tayyorlab oʻtirgan edi.
— Bilmadim... aniqrogʻi... bu ukamizga aytganman. Oldingi boshliq... arizaga sarxat yozib berganlar...
— Qamalib chiqqan bolani kim ishga kirityapti, deb qiziqmaganmisiz?
— Endi... biz kichkina odammiz.
— Siz aybingizni bilasizmi?
— Aybimmi? Ishga rasmiylashtirib qoʻyganimmi?.. Vaqtida boʻshatmadim...
— Yoʻq, siz Komilovni oxirgi marta koʻrgan odamsiz. Uning oʻlimida sizni ham ayblashimiz mumkin.

Qoʻzichoq yerga yiqilib, oyoqlari bogʻlandi. Boʻgʻziga pichoq tortilishi aniq boʻlib qoldi. Ma’sum qarash foyda bermadi. U endi tipirchilab, arqonga chap bermay, qutulib, qochish payiga tushdi.
— Men... Men... nima deyapsiz? Men... yoʻq edim-ku?..
— Samolyotda toʻrt soatli yoʻl, — dedi Soliev sovuq ohangda.
— Kelib-ketish ham shart emas. Bu yoqda sheriklar bor-ku? — dedi Zohid, goʻyo unga e’tiroz bildirganday.
— Xudo... Xudo xayringlarni bersin. Oʻgʻri deng, poraxoʻr deng, lekin bunaqa demang. Xudodan qoʻrqaman.
— Xudodan qoʻrqqan odam birovning haqini yeydimi?
— Gunohkor bandamiz... adashamiz... tirikchilik...
— Sheriklaringiz?
— Jon aka, meni qiynamang, — Tojimullaev shunday deb yigʻlamsiradi. — Otsangiz oting, lekin menga bunaqa ayb qoʻymang.
— Komilovni kim ishga joylagan?
— Bilmayman.
— U tez-tez kelib turarmidi?
— Yoʻq. Oʻn yilcha koʻrinmadi.
— Qaerda ekan?
— Soʻraganimda, Sibirda edim, devdi.
— U yerdan nima olib keldi?
— Men bitta telpak bilan...
— Qum-chi?
— Qanaqa qum?
— Tilla qum.
— Sibirda qum nima qiladi?
— Toʻgʻrisini aytasizmi?
— Yolgʻon gapirsam, til tortmay oʻlay.
— Sizga qasam ta’sir qilmaydi. Tilla qumni nima qildingiz, toʻgʻrisini ayting. Seyfingizning kaliti faqat oʻzingizda turadimi?
— Ha.
— Qani? — Soliev shunday deb qoʻl uzatdi.
— Yoʻqotib qoʻyibman.

Soliev ustol tortmasidan kalit olib koʻrsatdi:
— Shumi?
— Ha.
— Seyfni ochib tekshirdik. Ekspertiza tilla qum donalarini topdi. Bunga nima deysiz?
— Yoʻq... bilmayman... men undan bitta telpak...
— Oʻrningizdan turing. Sizga ruxsat. Uyingizga boravering. Kerak boʻlsangiz chaqiramiz.

Jon talvasasidagi qoʻzichoq boʻgʻziga pichoq tortilmay, oyoqlari arqon hukmidan ozod etilgach, ajablangan holda, bir necha nafas qimir etmay yotadi. Soʻng irgʻib turib, nari qochadi. Tojimullaev qoʻzichoq emas, darrov turmaydi, qochmaydi. Oʻsha qoʻzichoq nigohi bilan qarab oʻtiraveradi.
— Sizga ruxsat deyapman, ketavering.
— Uygami?
— Xohlasangiz, uyingizga boring, xohlasangiz, ishingizga.

Tojimullaev bu gapga ishonqiramay oʻrnidan turdi. Ostonaga yetganida «toʻxtang, qayting», degan zardali buyruq kutdi. Dahlizda yurib borayotganida ham, zinalarni bir-bir bosib uchinchi qavatdan tushayotganida ham, hatto koʻchaga chiqqanida ham orqadan birov kelib yelkasini ushlashini, «qayting», deyishini kutdi. U oʻzicha rejalar tuzganida bunaqa savol-javobni, muomalani, xotimani kutmagan edi. Milisalar haqidagi kinolarda bunga oʻxshash voqeani sira koʻrmagan edi. Qamab qoʻyishlariga, soʻroq paytida hatto urib-tepishlariga ishonchi komil edi, ammo bunday oson qutulaman, deb oʻylamovdi. Ishqilib oxiri baxayr boʻlsin...

Tojimullaev chiqib ketishi bilan Zohid mayorga ajablanib qaradi. Boyatdan beri qahr niqobida oʻtirgan Soliev kulimsiradi.
— Orqasidan odam qoʻyamiz. Agar chindan ham qoʻrqitishgan boʻlsa, bugun-erta uni yoʻqotishadi. Nazarimda, oʻzining bahosini sal oshirvorgan. Anavi rasm ham oʻzining ijodi boʻlishi kerak. Sezdingmi, u kirib kelganida xotirjam edi. Chunki biz u chizgan chiziqdan borayotuvdik. Men chiziqlarini chalkashtirib yubordim. Buni bir-ikki kun kuzatib oʻz holiga qoʻy. shugʻullanaversin. Bizga Sangina kerak.
— Izini quritishgan boʻlsa-chi?

Soliev barmoqlari bilan stolni chertib qoʻydi.
— Boʻlishi mumkin. Ertaga Sanginaning, indinga ikkita noma’lum kavkazlikning oʻligini topishimiz ham mumkin.
— U holda bu aniq bir toʻdaning ishi boʻlib chiqadi.
— Mening boshimni shu narsa qotiryapti. Bu bitta toʻda ichidagi gapmi yo toʻdalar orasidagi fitnaning boshlanishimi? Bitta toʻda ichida boʻlsa boylikni topmay qoʻyishmasdi.
— Boshqa gunohi uchun jazolashgan boʻlishsa-chi?
— Bunaqa namoyishkorona osib qoʻyishlariga hayronman.
— Unda toʻdalar orasidagi fitnami?
— Fitnaning boshlanishiga picha fursat bor, nazarimda. Toʻdalar hozir bizdan oz boʻlsa-da, choʻchishadi. Hali hamma kavaklarga kirib ulgurishgani yoʻq. Bizdan qoʻrqmay qoʻyishgach, bir-birlari bilan olishishni boshlashadi. Hozircha, oralarida pinhona adovat bor. Oshkora urush yaqin orada boshlanmasa kerak. Hozir boshlansa, bizga osonroq boʻlardi, payini qirqardik. Erta-indin qoʻlimiz kaltalik qiladi. Kissavurlarni eplasak ham katta gap boʻlib qoladi.
— Vahimachi boʻlib boryapsiz, aka, — dedi Zohid kulimsirab.

Mayor bosh chayqab, bir oz sukut qildi.
— Oʻlmasak koʻrarmiz. Katta-kichik idora rahbarlarining jilovi shularning qoʻliga oʻtadi. Ana oʻshanda tomoshalarini koʻraverasan.

3

Zohid Sharipov shom qorongʻisida uyiga qaytdi. Toʻqqiz qavatli beton uyning ikkinchi yoʻlagi ogʻzida xotinini koʻrib, ajablandi.
— Fotima? Nima qilib turibsan?
— Voy, qayoqlarda yurasiz-a, — Fotima shunday deb erini quchoqladi-da, yigʻlab yubordi. U qalt-qalt titrardi. Zohidning yuragi gʻashlanib, uning yelkasidan mahkam ushladi:
— Nima boʻldi? Abduvohid qani?
— Vohidjon qoʻshnilarnikida, sizni kutaverib sovqotib ketdik.
— Nima boʻldi?
— Uyga kelsak... dahlizda ikkita kishi yotibdi. Yuragim chiqib ketdi.

Xotinining «ikkita kishi yotibdi», deyishi Zohidga daf’atan mayorning «indinga ikkita kavkazlikning oʻligini topishimiz mumkin» degan gapini yodiga soldi.
— Qanaqa kishi? — dedi u shoshilib, — kavkazliklarmi?
— Qayoqdan bilay, qoʻl-oyoqlari bogʻlab tashlangan, basharasiga qarabmanmi, yuragim yorilib, qochib chiqqanimni bilaman.

Zohid xotinini chetga surib yubormoqchi edi, Fotima uni mahkam ushladi:
— Yoʻq, kirmaysiz, qoʻrqaman, — dedi yigʻidan toʻxtamay.

Zohid unga «koʻchada diydirab turaveramizmi?» deganday qaradi-da, yoʻlka sari qadam qoʻydi. Xotini uni orqaga tortdi.
— Sen Abduvohidning oldiga kir. Men telefon qilaman. — Zohid shunday deb birinchi qavatdagi qoʻshnisinikiga kirdi. Mayor Soliev hali uyiga ketmagan ekan. Zohidning gapini eshitib, qisqagina buyruq berdi:
— Ichkari kirma. Ikkita odam — oʻsha kavkazliklar boʻlishi mumkin.

Soliev it yetaklagan milisa yigit, suratchi, ekspertlarni boshlab kelgunicha oradan yarim soat vaqt oʻtdi. Bu vaqt ichida Zohid xayolan turli-tuman boshi berk koʻchalarga kirib chiqdi. «Agar ular Komilovni oʻldirgan kavkazliklar boʻlsa, menikiga nima uchun tashlashadi. Ularni oʻldirib tashlashganmi yo tirikmi?»

Mayor Soliev Zohiddan uyning kalitini oldi-yu, toʻqqizinchi qavatga chiqqach, yon qoʻshnilarni chaqirib, eshikni ochdi. Dahlizda qoʻl-oyoqlari chandib bogʻlangan, ogʻziga yelimli tasma yopishtirilgan, yoshi oʻttizlardan oshgan ikki odam yotardi. Ostonada turgan Zohid ularni bir qarashda tanidi: hamqishloqlari. Yanada aniq aytilsa, oʻsha mash’um kechada mushtlashib, akasini oʻldirib qoʻygan yigitlar. Zohid ostona hatlamoqchi edi, Soliev uni toʻxtatdi:
— Sen kirmay tur.
— Bularni taniyman.
— Tanisang ham kirmay tur. — Soliev shunday deb engashdi-da, yigitlarning bosh tomonidan bir varaq qogʻoz olib, oʻqidi: — «Erkak boʻlsang — qasos ol!» Bu xat senga atalgan shekilli?

Zohid voqeaga tushunganday boʻlib, ikki qadam tislandi. Milisa ichkari kirib, itiga is oldirdi. It liftga qadar keldi, soʻng dumini likillatib turaverdi. Barmoq izlarini olish ham samara bermadi. Soliev shunday boʻlishini oldindan bilsa ham rasmiyatchilik uchun ularni boshlab kelgan edi. U Zohidning uyida Komilovni oʻldirganlarning murdasi yotibdi, deb qattiq ishongan, shogirdi bir baloga giriftor boʻlmasligi uchun ehtiyot choralarini koʻrib qoʻygan edi.

Soliev boshlab kelgan mutaxassislar qaytib, qoʻshnilar ham uylariga chiqib ketishgach, Zohid ichkariga kirdi. Mehmonxonada oʻtirgan akasining qotillari uni koʻrib beixtiyor oʻrinlaridan turishdi. Oʻsha voqeadan keyin Zohid ularni koʻcha-koʻyda uchratib qolsa ham salomlashmas edi. Ha, uning koʻnglida qasos umidi bor edi. Ammo qotillarni oʻldirish xayoliga ham kelmasdi. Undagi qasos oʻti haqiqat uchun jon olib, jon berishga undardi.
— Zohid, biz tavba qilganmiz. Ota-onang bizni kechirishgan... — dedi qaddi tikroq yigit.
— Sizlarni kim olib keldi? — deb soʻradi Zohid, uning gapiga e’tibor bermay.
— Tanimaymiz. Men ishda edim. Ikkita yigit bordi. Gap bor, deb koʻchaga olib chiqishdi. Keyin qornimga bir mushtlab, moshinaga tiqishdi. Eshmoʻminni uyidan chaqirib chiqishibdi.
— Koʻrinishi qanaqa?
— Bittasi jingalaksoch, bittasi mallaroq.
— Mashinalari qanaqa?
— Oq «Jiguli».
— Sizlar ketaveringlar.
— Shu paytda qayoqqa boramiz? Avtobuslar yotib qolgan.
— Xohlasangiz, mehmonxonaga boring, xohlasangiz, bozorga borib yoting, — dedi Zohid quruq ohangda. U avtobus yoʻqligidan emas, koʻchaga chiqishga qoʻrqib bahona qilayotganlarini sezdi. Bu yigitlar yarim kechada ham qishloqlariga bora olishlari mumkin edi. Yigitlar Zohidning gapi qat’iy ekanini fahmlab, bir-birlariga qarab oldilar-da, baravariga oʻrinlaridan turdilar.
— Men gunohlaringdan kechmaganman. Oʻlgunimcha ham kechmayman. Ammo sizlardan qasos olmayman. Nomardlardan qasos olib, past ketmayman, xotirjam yashayvering. Agar u dunyo deganlari rost boʻlsa, akam bilan uchrashganda gapirasizlar gaplaringizni.

Yigitlar boshlarini xam qilib chiqib ketishdi.
— Nima uchun haydading ularni? — dedi Soliev. — Balki soʻraydigan gaplarim bordir?
— Nimani soʻraysiz? Bilganlarini aytishdi. Ular akamni oʻldirishgan. Bittasi qamaldi. Uchtasi qutulib ketdi. Kimdir menga yaxshilik qilmoqchi yoki «biz bilan oʻynashma», deb ogohlantirmoqchi. Agar ertaga ularning oʻligi topilsa, koʻpchilik mendan gumonsiraydi.

Soliev barmoqlari bilan stol ustini chertib, indamay oʻtirgan holda Zohidning soʻzlarini tinglar edi. Zohid voqeani toʻgʻri talqin qilib, toʻgʻri xulosa chiqarayotgandi.
— Siz boshqacharoq fikrdasiz shekilli? — dedi Zohid bir oz qoʻpolroq ohangda.

Soliev bu ohangdan ogʻringan boʻlsa-da, sir boy bermadi. Ustol ustini chertishni bas qilmay, indamay oʻtiraverdi. Zohid shu tobda «bu odam nima uchun bunday oʻtiribdi», deb fikrlashga qodir emas, asablari tushovini uzib, unga boʻysunmay qoʻygan edi. U tirsagini ustolga tirab, boshini changalladi, soʻng ustolni mushtladi. Soliev shundan keyingina tilga kirdi:
— Ana endi oʻzingga kelding, — dedi xotirjam ohangda. — Shunaqa paytlarda yorilib turish ham kerak. Uch marta chuqur nafas ol. Barmoqlaringga tikilib tur. Hech nimani oʻylama. Oʻylama. Uyda oʻzing yolgʻizsan. Hech kim yoʻq... Hech kim kelgani ham yoʻq...
— Qoʻysangiz-chi, Maqsud aka, — dedi Zohid oʻrnidan turib.
— Oʻzingni bos. Bunaqa paytda mushtni emas, kallani ishlatish kerak. Xoʻsh, endi oʻyla: bunaqa voqea avval ham boʻlganmi? Yoʻq. Avval sen kichkina bir boʻlimda inspektor eding. Endi prokuraturada tergovchisan. Avval mayda baliqlarni ovlarding. Endi kattalariga qarmoq tashlayapsan. Birinchi ishingni tuzukroq boshlashga ham ulgurmading. Ikkinchi ishing kimgadir yoqmayapti. Menga bunday qiliq qilishmaydi. Chunki fe’limni bilishadi. Meni boshqacharoq tarzda ogohlantirishadi yoki qoʻrqitishadi. Komilovning ishini chuqurlashtirish kerakmas. Angladingmi? Biz ochiq ishlayapmiz, boshqa ilojimiz ham yoʻq. Ular koʻrinmas odamga aylanishgan. Biz ular bilan poygaga chiqqanmiz. Marraga biz avval yetib borsak, niqobni yirtamiz. Haqiqatni ochamiz. Ular yetib olsa, zirhdan niqob yasab, yoʻlimizni toʻsishadi. Hozir ular oldinroqda ketishyapti. Ular hamma narsani bilishadi. Hatto sening oilaviy siringgacha ularga ma’lum. Nima deysan?
— Nima derdim? — Zohid oʻylagani bilan tayinli javob topa olmadi. — Koʻzimni chirt yumib, marraga qarab yuguraveraman...

XXII bob

1

Hosilboyvachcha oʻtirgan yerida qoʻl uzatib, Zelixon bilan koʻrishdi. Zelixon uning bu qiligʻidan ranjisa-da, sir boy bermadi, taklifni kutmayoq, yumshoq kursiga oʻtirdi.
— Laqabim Akademik, eshitganmisiz? — dedi Hosilboyvachchaga tikilib. Oʻziga bino qoʻygan yigit koʻpni koʻrgan bu chechenning chaqchayib turgan oʻtkir nigohiga dosh berolmadi. Barmogʻidagi uzukni oʻynab turib:
— Hozir yerni tepsang, daraxtdan akademik yogʻiladi, — dedi.
— Men yer tepsa yogʻiladigan xilidanmasman, birodar. Agar kimligimni bilmoqchi boʻlsang, Xongireydan soʻra.

Bu gapni eshitib, Hosilboyvachcha Zelixonga bir qarab oldi. Bu olam odamlarini zir titratib turuvchilardan biri boʻlmish Xongirey uchun Hosilboyvachcha deganlari chivinday gap. Hosilboyvachcha buni biladi. Shu sababli qarashida bezovtalik sezildi. Biroq botiniy xavotirni sirtiga chiqarmadi.
— Menda nima ishingiz bor? Agar yordam soʻramoqchi boʻlsangiz, oldindan aytib qoʻyay: oʻgʻrilar bilan bordi-keldimiz yoʻq.
— Men birovlardan yordam soʻraydigan odam emasman. Kezi kelganda mendan yordam soʻrashadi, — Zelixon kibor yigitning popugi sal pasayganini fahmlab, sensirashga oʻtgan edi. — Odamlaring Fargʻonada yurgan ekan. Turklar bilan pachakilashishibdi.
— Pachakilashishsa sizga nima? U yerlar mening chekimga tushgan. Kelgindilar izzatini bilishi kerak.
— Men ham kelgindiman. Bir burda noningni tortib olgani kelgan emasman. Xudo nasib etsa, hammamiz yurtimizga ketamiz. Sen noningni boshqa kelgindilardan ehtiyot qil. Turklarga tegma.
— Xongirey boshqalarning ishiga aralashmas edi. Senga ham oʻrgatmagan ekan-da, a?
— Uka, omadingni bersin, qoʻl uzatsang osmondan yulduzlarni terib olasan. Men ham rizqimni terib yeyman. Turklar ham och qolmas. Ammo qonning isi kelib turibdi, gunohga botma. Odamlaringni chaqirib ol. U yerlar oʻzingga buyuradi, lekin hozircha tegmay tur. Koʻnglim yomon narsani sezmasa, oldingga kelmas edim.
— Turklar bizni oʻldirishadimi?
— Yoʻq. Janjalni senlar boshlaysanlar, qon toʻkishga boshqalar tayyor turishibdi. Ular qonlaringni ichib, gʻoyib boʻlishadi. Baloga senlar qolasanlar.
— Kim ular?
— Vaqti kelganda bilib olasan.
— Shunaqami?.. Men chechenlar mard boʻladi, deb eshitardim. Quyonyuraklari ham boʻlarkan-da, — dedi Hosilboyvachcha ijirgʻanib.

Zelixon koʻzidan uchqun chaqnadi.
— Chechenlarga til tekkizma! Sen men bilan gaplashyapsan. Agar men senga qarab turib, «oʻzbeklar lattachaynar ekan», desam yoqamanmi?
— Okaxon, men sizni odam deb gaplashishga rozi boʻldim. Hamma narsaning chegarasi bor. Xongireyga tanishman, deb oʻzingizdan ketmang.

Zelixon Xongirey tanish emas, shogirdi ekanini aytmoqchi edi-yu, hamma sirni oshkor etish shart emas, degan qarorga kelib, tilini tiydi. U Hosilboyvachchaga aytadiganini aytib boʻlgan, endi turib chiqib ketishi ham mumkin edi. Zelixon shahardagi kattalarning biri Hosilboyvachcha ekanini dastlab eshitganida uni dadil, choʻrtkesar yigitdir, deb oʻylovdi. Bir necha daqiqa burun barmoqlariga tilla uzuklar taqqan, oʻziga zeb bergan kibor yigitni koʻrgach, hafsalasi pir boʻldi. U mard odamlarni yoqtirardi. Roʻparadagi yigit sher emas, tulki ekanini fahmlab, suhbatning boshidayoq Xongirey nomini tilga olib yanglishmagan edi.

Hosilboyvachchaga bir chechen odam gaplashmoqchi, deyishganda dastlab Xongireyni esladi. Keyin chechenning oddiy oʻgʻrilardan ekanini bilgach, «dodini bir eshitib koʻray-chi», deb koʻngan edi. Bu oddiy oʻgʻri dodini aytish oʻrniga osmondan kelib, ishlariga burnini tiqib turibdi. Bu odam Xongireyga tegishli boʻlmasa ham, chechen degan nomi bor. Xongirey bu odamni yoqtirmasligi mumkin, ammo chechenlar odamlarini birovlarga xor qildirib qoʻyishmaydi. Hosilboyvachcha shuni bilgani uchun ham tishini tishiga qoʻydi. Agar roʻparasidagi bu odam chechen emas, oʻzbekmi, qozoqmi boʻlganida onasini Uchqoʻrgʻonning qayqisidan koʻrsatib qoʻyardi. U Xongireydan qoʻrqishini bildirgisi kelmadi. Shu bois Zelixonni qay holda qarshi olgan boʻlsa, shu holda xayrlashdi.

Zelixon chiqib ketishi bilan gumashtasini chaqirib «bu taviyaning kimligini aniqlashni» topshirdi. Milisaxonada jinoyat koʻchasiga kirib chiqqan har bir odam haqida ma’lumotlar saqlanadi. Jinoyatchilar olamining ham oʻziga xos ma’lumotnomalari mavjud. Ular ba’zan milisalardan tezroq ma’lumot toʻplashlari, muayyan xulosaga kelishlari, lozim boʻlsa hukm chiqarib, ijro etishlari ham mumkin.

Hosilboyvachcha Zelixon toʻgʻrisidagi kerakli ma’lumotlarni kechga yaqin oldi. Zelixonning qamoqda Elchin bilan birga boʻlgani, ozodlikka chiqqach, aka-ukaday yurishlari uning e’tiborini tortdi.

«Uni Asadbek ishga solmayaptimi? — deb oʻyladi u. — Fargʻona tomonlarning meniki ekaniga Asadbekning oʻzi koʻngan-ku? Nimaga shartni buzmoqchi? Yakkahokim boʻlmoqchimi? Bu chechen orqali Xongireyni qoʻlga olganmi? Men uning payini qirqaman, deb yursam, u ishni pishitib qoʻyibdi-ku?»

Bir necha kun davomida oʻtirsa ham, tursa ham chechenning tashrifidan maqsad ne ekan, deb oʻyladi. Zelixon garchi maqsadini aniq aytib ketgan boʻlsa ham, ishtonsizning hadigi choʻpdan deganlariday, Hosilboyvachcha uning gapiga ishonqiramay boshqa xayollarga boraverdi. Nihoyat, bu ishda Asadbekning qoʻli bor, degan fikrga mahkam yopishdi. Zelixonning izidan tushgan odamlari uning Asadbek qarorgohiga kirganini ma’lum qilishgach, fikri toʻgʻri ekaniga yanada qattiqroq ishondi. Dardi faqat boyligu shuhrat boʻlgan bu yigit siyosatchilar olamining makkorona qiliqlari mavjudligini, ular koʻproq aql koʻzlari yumuq odamlar xizmatidan foydalanishlarini bilmas edi. Uning fojiaga yetaklashi mumkin boʻlgan nodonligi ham shu edi...

2

Anvar nur bilan boʻlgan soʻnggi suhbat ta’sirida garang boʻlib oʻtirganida eshik ochilib, kadrlar boʻlimining boshligʻi koʻrindi. Yoshi oʻtibroq qolganini haligacha sezmay, pardoz-andozini kanda qilmovchi bu juvon har kuni ertalabdan xodimlarning jigʻiga tegardi. Xolidiy davrida intizomni nazorat qilish shu xonimga topshirilgan, bu vazifa boshliq oʻzgarganidan keyin ham fidoyilik bilan bajarilardi. Oʻn besh daqiqa kech qolgan xodim bu xonimning temir daftariga tushar, «qayta qurish ishiga sezilarli ulush qoʻsha olmayotgani uchun» mukofotlardan mahrum etilardi. Anvar barvaqt turib, ishga baravaqt kelishga oʻrgangani uchun bu roʻyxatga tushish baxtidan benasib edi. Kadrlar boʻlimining boshligʻi uning kech qolishini juda-juda istardi. Qani edi, Anvar ishga kechiksa-yu, bu xushxabarni Xolidiyga yetkazsa, hayfsan e’lon qilish haqidagi buyruqqa imzo chektirib chiqsa... Vaqt-bemahal xonalarni ham aylanib yuruvchi xonim eshikni ochganida «navbatdagi tekshiruv shekilli», deb oʻylashdi. Xonim toʻgʻri Anvarga yaqinlashdi-da, sal engashib «Siz men bilan yuring», dedi. Bu sirli chaqiruv xonadagilarning diqqatini tortdi. «Eng kichkina ilmiy xodim» ma’nodor qilib yoʻtalib qoʻydi. Anvar xonimga bir qarab olib, qogʻozdagi satrlarni diqqat bilan oʻqiyotganday muk tushdi.
— Yuring, deyapman, — dedi xonim chimirilib.
— Tinchlikmi? — dedi Anvar qogʻozdan bosh koʻtarmay. — Ishga vaqtida kelganman. Xudo xohlasa, vaqtida ketaman. Qayta qurishda jon-dilim bilan ishtirok etyapman...
— Yuring, — xonim bu safar qat’iyroq, buyruq ohangida gapirdi. — Maynavozchilik qilmay, orqamdan yuring.

Anvar oʻrnidan turib boshini egdi-da, itoatkor qul kabi unga ergashdi. Xonada yengil kulgi koʻtarildi. Kadrlar boʻlimi boshligʻi xonasi eshigini ochib, Anvarga «kiring» dedi. Anvar ostona hatlagach, oʻzi tashqarida qolib, eshikni ohista yopdi.

Anvar divanda oʻtirgan yigitni bir qarashda tanidi. Miqtidan kelgan, sochlari orasta taralgan, nigohi olazarak bu yigitni idorada deyarli barcha taniydi. Avvallari bunday odamlar pinhona ish yuritishardi. Zamon oʻzgarib, idoralarga ochiqchasiga keladigan, ochiqchasiga «dildan suhbat quradigan» boʻlib qolishdi. Anvar kirib kelishi bilan miqti yigit oʻrnidan turib, jilmaygan holda, qadrdonlardek salomlashdi. Uning qoʻllari qattiq, qogʻoz-qalamga oʻrgangan Anvarning barmoqlari unga dosh berolmadi.

Miqti yigit maqsadga darrov koʻchmay, gapni uzoqdan boshladi. Avval Anvarning salomatligini surishtirdi. Onasining sogʻligʻi ham nazaridan chetda qolmadi. Akasining chet elga borish-bormasligi bilan qiziqdi. «Chet ellarga borib dars oʻtadigan zoʻr olimlarimiz bor ekan, faxrlanishimiz kerak», deb ta’kidlashni unutmadi. Anvar uning gapini ma’qullab, akasi bilan faxrlanishga va’da berdi. U jilovni boʻsh qoʻyib, miqti yigitning maqsadga koʻchish onini sabr bilan kutdi.
— Oʻzingizning dissertatsiyangiz ham boʻlay deb qoldimi?
— Musulmonchilik asta-sekin, boʻlib qolar.
— Mavzu qanaqa edi?
— «Kolxozlashtirishda partiya yacheykalarining roʻli».

Miqti yigit ajablanib Anvarga tikildi. Anvar toʻppa-toʻgʻri gapni aytganday, xotirjam, kiprik qoqmay oʻtiraverdi. Yigit kulimsirab, bosh chayqadi.
— Hazilni ham eshvorar ekansiz. Nazarimda boshqacharoq edi.
— Esingizda yoʻqmidi? «Rus istilosi va Turkistonda milliy ozodlik harakati»...
— Ha, ana endi esladim.
— Bu mavzudan voz kechib, kolxozlashtirish tarixi bilan shugʻullanishni buyurgan edingiz, buni ham esladingizmi?
— Buyruq emas, direktoringizning taklifini aytuvdim. Siz koʻnmay, toʻgʻri ish qilgan ekansiz. Hamma ham yanglishadi. Biz ham oz-oz adashganmiz.
— Shuni aytgani keldingizmi?
— Ha, endi bir suhbatingizni olay, dedim-da. Yordam kerak boʻlsa, yordam beraylik.
— Yordammi?... — Anvar unga sinovchan tikildi. — Yordam kerak. Idorangizning arxividan foydalanishga ruxsatnoma olib bera olasizmi?

Miqti yigit qogʻozchaga telefon raqamlarini yozib, uzatdi:
— Ertaga soat toʻrtda telefon qiling. Men aniqlab qoʻyaman. Bu qiyin masala emas.
— Menga ruxsatmi?
— Yana bir ogʻiz soʻz: dissertatsiyangiz haqida gapirmadingiz, yoqlashga tayyormi?
— Tanishib chiqmoqchimisiz?
— Agar mumkin boʻlsa... Xizmat yuzasidan emas. Oʻzim tarixga qiziqaman.
— Tarixga qiziqsangiz men sizga kitoblar roʻyxatini beray.
— Dissertatsiya-chi?
— Tayyor emas.
— Shuncha yildan beri ishlaysiz-ku. Men tayyor deb eshituvdim.
— Kimdan?
— Ha, endi kimligini bilishingiz shart emas. Tayyor qismini oʻqib chiqishim mumkinmi?
— Yoʻq. Chala ishni birovga koʻrsatmayman.
— Dissertatsiya... oʻzingizdami?

Shu savoldan keyingina Anvar Xolidiy bilan boʻlgan suhbatni eslab, miqti yigitning maqsadini tushunib yetdi. Unga qarab turib kuldi:
— Uch-toʻrt kunga ammamga berib yuborgan edim. Yoʻqotib qoʻyibdilar.
— Anvar aka, maynavozchiliksiz gaplashaylik.
— Maynavozchilik qilayotganim yoʻq. Dissertatsiya yoʻqolgan.
— Yoʻqolganmi yo... chet elga sotilganmi?
— Chet elga? Be, bir jinnining himoya qilinmagan dissertatsiyasi kimga kerak?
— Shunga qiziqadiganlar ham bor. Demak, dissertatsiya yoʻqmi?
— Kim sizga yoʻq dedi? Dissertatsiya bor. Ammo chala. Oʻzingiz zamon oʻzgardi, dedingiz. Demak, uni endi yangi zamon koʻzi bilan qarab chiqish kerak. Tarix fani fohishaga oʻxshab oʻzgarib turadi, bilasiz-ku? Yaqinda jinnixonadan tuzalib chiqdim. Endi oʻtirib ishlayman. Chet elga sotvorgan deb, sizga notoʻgʻri ma’lumot berishibdi. Bu xabarlari uchun ularga haq toʻlamang. Chet elga bunaqa gaplar besh-oʻn yil oldin kerak edi. Hozir ularni boshqa narsa-lar qiziqtiradi. Jinni boʻlsam ham bunga aqlim yetadi.
— Dissertatsiyangizni ertaga olib kela olmaysizmi?
— Tilxat yozib bera qolsam-chi? Dissertatsiya oʻzimda turibdi, chet elga sotmayman, ma’qulmi?

Avvalgi suhbatda Anvar «bu mavzu bilan shugʻullanmayman», deb yozib bergan edi. Hozir shuni eslatib piching qildi. Yigit buni toʻgʻri tushunib, unga bir varaq qogʻoz uzatdi. Anvar oʻylab oʻtirmay tez-tez yozib berdi: «Berurman ushbu tilxatni shul haqdakim, sariq chaqaga arzimas «dissertatsiya» deb atalmish matoh hamon oʻzimdadir va uni oʻzim birlan goʻrga olib ketgumdir.

B a y t:
Dunyoning ishiga bermoq kerak tan:
Oʻsgan soch qirqildi, oshgach haddidan!»

Miqti yigit tilxatni oʻqib, kulimsirab qoʻydi-da, Anvarga ruxsat berdi.

Anvar bu suhbatda ruhining yanchilganini sezdirmay, oʻzini erkin tutgan boʻlsa-da, dahzilga chiqqanidan soʻng tomogʻiga bir nima tiqilib, koʻz oldi qorongʻilashdi. Deraza oldiga yetgach, toʻxtadi. Oʻtgan suhbatda bu miqti yigit hamkorlik qilishni taklif etgan edi. Idoradagi mayda-chuyda gaplardan, ayniqsa tuzumga, hukumatga qarshi gaplardan ogoh qilib turish evaziga katta yordamlar va’da qilib edi. Unga javoban Anvar «Men sotqinga oʻxshaymanmi?» degan, miqti yigit esa, «Bu sotqinning emas, chin vatanparvarning ishi», deb ta’kidlagan edi. «Bu dargohda nechta «vatanparvar» bor? — deb oʻyladi Anvar. — Shaharda-chi? Hammayoqni «vatanparvar»ga toʻldirib yuborishmadimi? Bitta odamning orqasidan nechtasi poylaydi? Gap poylab, gap yetkazgandan koʻra oʻlgani yaxshi emasmi odamning?..»

Xonasiga kirgisi kelmay, koʻchaga chiqdi. Qaerga borishni aniq bilmadi. Yaratganning sinovli bu dunyosida toʻgʻri yashash nihoyatda mushkul. Xolidiyga oʻxshaganlarning esa oshigʻi hamisha olchi. Zamon oʻzgaradimi, tuzum oʻzgaradimi, ularga farqi yoʻq. Anvarga oʻxshab toʻgʻri yashayman, deganlar umr boʻyi ular bilan olishib oʻtadi. Anvarga alam qiladigan yeri shundaki, xolidiylar xalq koʻz oldida koʻkrak kerib, va’z aytadilar, oʻzlarini eng fidoyi, millatparvar qilib koʻrsatadilar. Ochilmish koʻzlari uyquga zor oʻlmish xalq ularning nutqlaridagi soxta ohanglarni darrov payqamaydi. Ularni uzoq vaqt olqishlaydi. «Xalqimni sevaman, xalqim uchun kurashaman», degan gaplarga barcha maftun boʻladi. Har bir odam xalqning farzandi. Farzand burchi ota-onani sevmoq, ota-ona uchun lozim boʻlsa jonini fido qilmoq emasmi?.. Qaysi imonli odam mahalla guzariga chiqib «men onamni sevaman!» deb baqiradi?.. Bu odam baqirayotgan mahalda onasi oʻlim toʻshagida, ogʻzimga kim bir tomchi suv tomizarkin, deb ilhaq yotgan boʻladi... Anvar bu haqda koʻp oʻylagan. Hozir ham xayolida shu fikrlar. «Xalqim» deb yurganlar, «vatanparvarlar» uni yana sotishibdi. Hamkasbini sotgan odam ertaga shu xalqni, shu Vatanni sotmogʻi mumkin emasmi? «Hammayoqni sotqin bosib ketgan, hatto bir vujudning oʻzida oʻng qoʻl chap qoʻlni sotadi...» Anvar shularni oʻylab, tunov kuni Sobitxon qori aytgan gapni esladi. Shayton Odam Atoga hasad qilib Ollohning qahrini keltirgach, «shu bandangni menga topshir, men uni toʻrt tomonidan oʻrab olay» degan ekan. Ollohning «bandamni qanday oʻramoqchisan?» degan savoliga shayton: «Men uni old tomondan amalparastlik pardasi bilan oʻrab, koʻzini koʻr qilaman. Oʻng tomonini nafs balosi, chap tomonini esa vahshat va fahsh pardasi bilan oʻraymanu oʻzim orqasiga oʻtib, asta-asta jahannam sari itarib boraman», deb javob bergan ekan. Anvarning nazarida har bir odam orqasida bir emas, bir necha shayton turib olganday. Koʻzlar bogʻlangan, odamlarning esa nafs jilovlari yechib yuborilgan...

Anvar qaysi koʻchalardan yurgani, qaysi tramvayga chiqqanini dastlab durust idrok etmadi. Xayollar toʻfoni bir oz bosilib, koʻchalardagi tanish manzaralarni farqlay boshlagach, jinnixonaga borayotganini fahmladi. «Oʻsha yerda yotganim ham durust edi, — deb oʻyladi u. — Harholda ular bir-birini sotmaydi-ku, bir-birini igʻvo qilmaydi-ku, amal talashmaydi-ku...» Moʻljaldagi bekatda tushib, tor koʻchaga burilganida ham xayolida shu fikr edi. Nazarida hozir u boradi-ku, jinnixona uni quchoq ochib kutib oladi. U Asadbek bilan bosh tabib orasida boʻlib oʻtgan qisqa suhbatdan bexabar, bu dargoh eshigi uning uchun taqa-taq berkilganini bilmas edi.

Tabibboshi uning «tobi qochganini» eshitib, kulimsiradi.
— Hozir bahor havosi. Hammaning yuragi siqiladi. Koʻproq ochiq havoda yuring, oʻtib ketadi, — dedi muloyimlik bilan. U Anvarning barcha gaplariga ana shunday muloyimlik bilan javob qaytardi.
— Ertaga Elchin bilan birga kelaman. Joy tayyorlab qoʻying, — dedi Anvar.
— Kim bilan kelsangiz ham sizga joy yoʻq. Siz soppa-sogʻ odamsiz. Oʻzingizni ham, bizni ham qiynamang.
— Koʻngul pora-pora, dil jarohatga toʻla... Mirzo Anvar, seni jinnilar ham saflariga qabul qilmaslar. Arosatda chiriysan, endi vujuding vahshat ichra tor-mor oʻlajak! — Anvar sahnada soʻylayotgan kabi balandparvoz ohangda gapirib, oʻrnidan turdi.

Jinnixonadan chiqib tramvay yoʻliga borish uchun qabristonni kesib oʻtgan tor koʻchadan yurish kerak. Qabriston ustidan yurib borayotganlarini bilgan ayrim haydovchilar mashinalarini sekinlatadilar, ayrimlar tanga tashlab oʻtadilar, ayrimlar esa tezlikni kamaytirmay, yomgʻirdan meros qolgan koʻlmaklarni sachratib oʻtib ketadilar.

Qabristonning pastak devoriga qadalgan ensiz yoʻlakchadan borayotgan Anvar beixtiyor indamaslar dunyosiga koʻz tashladi. Yorugʻ dunyoda birov boy, birov kambagʻal yashagani bilan, oʻlim topganidan soʻng tenglashadi, deyishadi. Darhaqiqat, boyga ham, kambagʻalga ham oʻsha yer, oʻsha kafan tegadi. Unisi ham, bunisi ham tuproqqa qoriladi. Ammo aldamchi bu dunyo xudbinligiga bandi odamlar qabrlarning tepalariga marmar toshlar bostirib, qabrda yotgan odamning yorugʻ dunyoda puldor boʻlganidan ogoh etib turadilar. Anvar shu xayolda toʻxtab, bir-biriga mingashib ketgan qabrlarga razm soldi: qora marmar, oq marmar... gʻisht sagʻanalar... Hech qanday tosh oʻrnatilmasdan suvab qoʻyilgan qabrlar usti esa lolaqizgʻaldoqlarga burkangan. Bahor oʻzining ne’matlarini faqat shu qabrlar ustiga sochgan. Qaqqayib turgan qimmatbaho toshlar bu goʻzallik orasida shumshayib, koʻzga xunuk koʻrinadi. Anvarning nazarida qabrdagi ruhlar lolaqizgʻaldoqlarga aylanib, bu dunyo koʻrkamligidan shodlanar, tosh ostidagilar esa ezilib, zulmatga bandi edilar...

«Tiriklik bilan oʻlim oʻrtasida shu past, yupqa devor bor, — deb oʻyladi Anvar. — Devorning u tomoni osoyishtalik. Bu tomoni notinchlik. Hasad oʻtida qovurilib, bir-birimizga xoinlik qilib, oxiri u tomonga oʻtamiz. Riyo, xiyonat, hasad, munofiqlik... xastaliklariga tuproq ostida davo bormikin? Umri shu xastalik bilan oʻtgan, bu xastaligidan oʻzi lazzat olib yashaganlar u dunyoda nimadan rohatlanar ekanlar?.. Men ham bir kunmas-bir kun kelaman. Jismim tuproq ostida, ruhim boshqa tomonlarda boʻladi. Kimdir devorning narigi tomonidan turib, qabrimga qaraydi. «Bu yerda yotgan kim ekan, tirikligida nima karomat koʻrsatgan, ekan?» deb oʻylaydi. Qabrim, uning ustida ochilgan lolaqizgʻaldoqlar soqov — unga javob berolmaydi. Chayqalib turgan lolaqizgʻaldoqlar hozir meni koʻrib turishibdi. Menga nimadir deyishyapti. «Biz ham xolidiylardan kuyganmiz, qoʻy u dunyoni, kel biz tomon», deyaptimi? Odamlar oltmish-etmish yoshga toʻldim, deb ziyofatlar beradilar. Bunga quvonish emas, balki qaygʻurish kerakdir? Uzoq yashamay, devorning u tomoniga tezroq ketish balki ayni baxtdir?..»

3

Anvar koʻchasiga burilib, eshigi roʻparasida turgan oq «jiguli»ni koʻrib ajablandi. «Mehmon kelibdi shekilli», deb qadamini tezlatdi. Mashinaga yaqinlashgach, undan jingalaksochli yigit tushib, salom berdi. Anvar uni qaerdadir koʻrgan edi. Daf’atan qachon, qaerda koʻrganini eslolmadi.
— Bek akamning sizda ishlari bor ekan, — dedi yigit.
— Bek akangiz... kim?
— Asadbek aka.

Anvar endi esladi — bu yigitni Elchinning toʻyida koʻrgan edi.
— Hozir borishim kerakmi?
— Ha.
— Tinchlikmi, oʻzi?
— Borganda bilasiz...

Anvar mashinaga oʻtirdi.

Asadbek shahar markazidagi xos xonasida Chuvrindi bilan maslahatlashib oʻtirar edi. Eshik ochilib, avval Jamshid koʻrindi. Soʻng Anvar kirib keldi.
— Keling, mullo Anvar, — dedi Asadbek oʻrnidan turib. — Bormisiz, bu olamda?
— Yuribmiz, Xudo deb...

Asadbek uni takalluf bilan kutib oldi. Anvar «Elchin haqida bir gap desa kerak», deb oʻyladi. Lekin Asadbek bu haqda soʻz ochmay, Anvarni gangitib qoʻyadigan savolni berdi:
— Jinnixonada yana nima qilib yuribsiz?

Anvar «bekorchilikda shunday aylanib boruvdim», demoqchi boʻldi-yu, gapni chalgʻitishning foydasi yoʻqligini anglab, indamay yelka qisib qoʻya qoldi.
— Qoʻying-e, mulla Anvar. Sizga yarashadigan ish emas bu. Siz bizga tariximizni toʻppa-toʻgʻri gapirib bering. Birov gʻidi-bidi desa bizga qoʻyib bering. Siz men haqimda vahimali gaplarni koʻp eshitgansiz. Shu vahimalarning bir foizi haqiqat. Men birovning burnini nojoʻya qonatgan bolamasman. Aksincha, meni bu hayotda nohaqdan-nohaq rosa tepkilashgan. Nohaq jabr chekish nimaligini yaxshi bilaman. Mening oʻz adolatim, oʻz haqiqatim bor. Bu adolatim sizni xoʻrlamoqchi boʻlganlarning tanobini tortib qoʻyishga ruxsat beradi. Kerak boʻlsa, Xolidiy deganingiz kelib oyogʻingizga bosh uradi.
— Yoʻq, kerakmas.
— Men uni majbur qilmayman. Bunga oʻzingiz erishasiz. Siz ishingizni qotirib bajarganingizdan soʻng tan berishga majbur boʻladi. Tan berishi oyoqqa bosh urishi bilan baravar.
— Xotiringizni jam qiling, Bek aka, ular ikki dunyoda birovga tan berishmaydi. Itning dumiga aylangan suvilondan nima kutish mumkin?

Anvar Asadbekning laqabi «oʻqilon» ekanini bilmagan holda suvilonni itning dumiga aylantirdi. Suvilon bilan oʻqilon quloqqa deyarli bir xil eshitilgani uchun Asadbekning turqi bir oʻzgardi. Bu oʻzgarish uzoq davom etmay bir lahzada yoʻqoldi — suhbatdoshlar sezmay ham qoldilar.
— Xolidiy deganingiz qamalib chiqqan ekan, haq-nohaqning farqiga bormaydimi?
— Qamalib chiqqanini qaerdan bildingiz?
— Oʻzi televizorda koʻp gapiradi-ku? Qodiriy haqida gapirishsa ham chiqadi, Usmon Nosir degani oʻtgan ekan, u haqda ham gapirdi. Kecha Hamid Sulaymon degan odamni ham ustozim dedi. Yigirma besh yil oʻtirganmi?

Anvar kuldi.
— Oʻtirgan boʻlsa yigirma besh hafta oʻtirgandir. Lekin u yoqda qanaqa xizmatlar qilgan ekan? Bek aka, siz Shorasul Zunnun degan odamni eshitganmisiz? Laziz Azizzoda deganni-chi? Toʻxtasin Jalolov, degan allomalar oʻn yillab oʻtirishgan. Birontasidan «men qamoqda oʻtirdim, azob chekdim», degan gapni eshitganmisiz? Nima uchun bu koʻp vaysaydi? «Qoʻrqqan oldin musht koʻtarar» degan maqol bor-ku?
— Bu yogʻini oʻylamabman, — dedi Asadbek iyagini qashib.
— Akam toʻgʻri topdilar, — dedi Chuvrindi suhbatga aralashib. — Koʻp gapirishi bejizmas. Urushdan keyin qancha odam qamalib, qanchasi oqlanib chiqdi. Birontasi gʻing demaydi. Bitta yozuvchi qamoqdan kitob yozib chiqqan ekanmi?
— Ha, — dedi Anvar. — U kishi ham indamay ketdilar...

Eshik qiya ochilib, Jamshid koʻrindi. Asadbekning savol nazariga javoban telefonni imlab koʻrsatib, «Elchin aka, kuyovingiz», deb gapni qisqa qildi.
— Ha, tinchlikmi? — dedi Asadbek goʻshakni qulogʻiga tutishi bilan. Elchin toʻydan keyin oʻzicha bir kelish u yoqda tursin, qoʻngʻiroq ham qilmagan, shu bois, Asadbek uning bu kutilmagan yoʻqlovidan bir oz xavotirlangan edi. Elchinning nimalar deganini xonadagilar eshitishmadi.
— Kim? Akademikmi? — Asadbek shunday deb Chuvrindiga qaradi. — Qanaqa ish? Shunaqa zarurmi? Yaxshi, kelinglar, oʻrtogʻingiz ham shu yerdalar. Anvar. Ishim bor edi, chaqirtirdim. — Shunday deb goʻshakni norozi bir qiyofada joyiga qoʻydi.
— Xullas, mulla Anvar, siz ishingizni qilavering.
— Xoʻp, ketaveraymi!

Asadbek unga qarab kulimsiradi.
— Oʻxshatmasdan uchratmas, deganlari rost. Ikki oshna rosa topishgansizlar. Birovning gapi yoqmasa, darrov jirillab berasizlar, «Nasihatga ham, yordamga ham muhtoj emasman», demoqchisiz-da, a? Akasi, bizni nima deb soʻksalaringiz soʻkaveringlar. Quloqlarimiz bunaqa soʻkishlarni eshitaverib pishib ketgan. Ammo biz ham odammiz. Dardimiz faqat pulu siz oʻylagandek odam oʻldirish emas. Bizda ham yurak bordir, dard bordir, boringki, vijdon ham bordir. Temir tayoq emasdirmiz har qalay. Hech boʻlmasa «nimaga chaqirtirdingiz, yumushingiz bormidi?» deb soʻramaysizmi? Men yoshlarga nasihat qilib oʻtiradigan bekorchi boboy emasdirman?
— Men unaqa demadim-ku?
— Tilga chiqarib aytmasangiz ham, rang-roʻyingiz bildirib turibdi. Men siz bilan uchrashib, maslahatlashmoqchi edim... Toʻgʻrirogʻi, bir iltimosimni aytmoqchi edim. Otamni qirq toʻqqizinchi yilning oʻttiz birinchi dekabrida olib ketishgan. Nimagaligini haligacha bilmayman. Oltmish birinchi yilda surishtirganimda bir parcha qogʻoz berishdi. Ellik uchinchi yilda vafot etgan ekanlar. Ellik beshinchi yilda oqlashgan ekan. Bilganim shu. Arxivlarni titishga aqlim yetmaydi. Koʻmilgan yerlarini aniqlamoqchi boʻldim, yaqinlashtirishmadi. Menga oʻxshaganlarga ruxsat berishmaydi, shekilli. Siz olim odamsiz, bir shugʻullanib koʻrsangiz...
— Men ishdan qochmayman, ammo bizning ham arxivga yetib borishimiz qiyin.

Asadbek Chuvrindiga qaradi.
— Bu yogʻidan xotirjam boʻling, — dedi Chuvrin-di. — Qanaqa toʻsiqqa duch kelsangiz, menga aytavering.

Xushbichim qiz nozli yurish bilan kirib keldi-da, chaqaloqning mushtiday kichkina, zarhal yuritilgan piyolalarga qahva quyib uzatib, shirin jilmayish hadya etgach, yana oʻsha nozli yurish bilan chiqib ketdi. Asadbek uning yurishiga ham, jilmayishiga ham e’tibor bermadi. Chuvrindi koʻz qirini tashladi-yu, oʻzini tiydi. Kesakpolvon boʻlganida jilmayishga jilmayish bilan javob berib, qizning izlarini koʻzlari bilan oʻpib chiqardi.

Asadbek qahvadan xoʻplab, otasi haqida bilganlarini soʻzlab berdi. Oʻsha yangi yil kechasi va tongidagi kechinmalarini aytmadi. Avvalo bu kechinmalarini bayon qila oluvchi soʻzamol emasdi, qolaversa, bu kechinmalar aytilgani bilan birovga, ayniqsa bu olim yigitga ta’sir etadimi yo yoʻqmi — Xudo biladi. Otasi haqidagi hikoyasi Elchin bilan Zelixon kirib kelgunicha davom etdi.

4

Zelixon: «Gapimni yolgʻiz oʻzingiz eshitishingiz kerak», degach, Elchin bilan Anvarga qoʻshilib Chuvrindi ham xosxonadan chiqdi. Boʻtqa ularni oʻng tomondagi xonaga boshladi. Chuvrindi u yoqqa kirmay, koʻchaga chiqib ketdi.
— Ogʻayningning sendan yashiradigan siri bormi?— dedi Anvar, yolgʻiz qolishgach.
— Mendan emas, sendan yashiradi. Sen har holda sinashta emassan.
— Bu olamning odami emassan, desang-chi?
— Shunaqa desa ham boʻladi. Bularning oʻziga yarasha tashvishi bor. Ularning tiliga biz tushunmaymiz.
— Hozir birovning shoʻrini qanday qilib quritishni kelishib olishadimi?

Elchin oʻrtogʻiga norozi qiyofada qarab oldi. Anvar uning kayfiyati uncha emasligini sezib, boshqa gap qoʻshmadi. Shu onda nurning aytganlarini esladi: «...doʻstingning doʻsti xavf ostida...»
— El, ogʻayningning ishi pachavaroq emasmi?
— Nimaga unday deyapsan?
—Toʻgʻrisini ayt, xatarli girdobga tushib qolmaganmi?
— Yoʻq.
— Unda nima uchun bu yerga boshlab kelding?
— U bir yomonlikning isini sezib qolgan. Shu yomonlikni qaytarmoqchi.
— Demak, shu... — dedi Anvar past ovozda, xuddi oʻziga oʻzi gapirganday.
— Nima deding?
— Ogʻayningning hayoti xavf ostida, uni yoʻldan qaytar.
— Jinnimisan, nima deyapsan?
— Oldin jinni edim. Tuzalgansan, deb oʻzing olib chiqding-ku? — dedi Anvar piching bilan. Elchin beixtiyor nojoʻya soʻz aytib yuborganini bilib, uzr soʻraganday uni tizzasiga urib qoʻydi.
— Sen ham ekstrasens boʻlib qoldingmi? — dedi gapni hazilga burib.
— Jiddiy gapiryapman. Ogʻayning kerak boʻlsa, toʻxtatib qol.

Elchin bir oz oʻylagach, yelka qisdi.
— Uni toʻxtatib boʻlmaydi. Yoniga balki biz ham qoʻshilishimiz kerakdir?
— Men hammi?
— Bilmadim... Bir joyda katta urush chiqadiganga oʻxshaydi. U shuning oldini olmoqchi. Qaerda, qanaqa urush, menga aytmadi. Oldindan mish-mish tarqalishini istamayapti.
— U oʻgʻrimidi?
— Ha.
— Oʻgʻrilikdan qaytdimi?
— Yoʻq. Oʻlguncha ham qaytmaydi.
— Qanaqadir urushga aralashib nima qiladi?
— Bilmayman.
— U chechen, a? Qadimda millatlar, turli urugʻlar boʻlinib olib bir-birini qirgan edi. Oʻshanaqa urushning hidi kelmayaptimi? Hozir bunaqa qirgʻinlar koʻpayib qoldi-ku? Ikkita millatdan ikkita tentakni urushtirib qoʻyib, oʻt chiqarish oson ishga aylandi.
— Anvar, rostdan ham bilmayman. Menga ochiq aytmadi. Juma kuni Fargʻonaga toʻyga bormoqchimiz, balki yoʻlda aytar?
— Balki ungacha qaynotang aytar?

Jamshid bilan Boʻtqa kirib, ularning suhbati uzildi. Jingalaksochni koʻrdi deguncha Elchinning badaniga titroq kiradigan boʻlib qolgan edi. Boʻtqa ularga pivo quyib berib, chiqib ketdi. Jamshid bu uyda odam borligiga parvo qilmay, maqsadi xuddi suhbatni uzishdan iborat boʻlganday, yumshoq oʻrindiqqa choʻkib, indamay oʻtiraverdi.
— Sen oʻshanda Uchquduqqa borganingda qamoqning ichidagi qamoqda oʻtirgan edim, — dedi Elchin, xuddi suhbatni uzilgan joyidan davom ettirayotganday. — Bir xunasaroq odam bor edi, hamma narsaga burnini tiqaverardi. Bir kuni shartta ogʻziga paytavasini yopib, kekirdagidan oldim. Mendan gumonsirashdi-yu, ammo boʻynimga qoʻyib berisholmadi. Bir-ikki odam oʻldirganingdan keyin xumori tutib turarkan. Qamoqda xumoryozdiga imkon bor edi. Qutulib kelganimdan beri xumor tutib, qiynalib ketyapman.

Anvar Elchinning maqsadi bu yigitning jigʻiga shunchaki tegish, deb tushundi. Doʻstining Jamshidga nisbatan nafrati kuchli ekani, yuragida oʻch tuygʻusi borligi, shubhasiz unga qorongʻi edi. Shu sababli Elchinning gapiga oʻzicha toʻn kiydirdi:
— Endi oʻldirsang, bir-ikki qoshiq issiq qonidan ichib yubor, shunda xumoring qoʻzimaydigan boʻladi. Qadimda jallodlar shunday qilishar ekan. Qassob qonsirasa, shartta bitta qoʻymi, xoʻrozmi soʻyadi. Jallod qonsirasa nima qiladi? Podsholar har kuni odam soʻyishga hukm chiqarishmagan-ku? Umuman, oshna, senga havasim keladi. Men ham bir-ikkitasini oʻldirishim lozim-ku, ammo qoʻrqaman. Qoʻlim qaltirab ketsa kerak. Lekin ikki marta xoʻroz soʻyganman. Ikkinchisida tipirchilashidan qoʻrqib qoʻyib yuboribman, degin...
— Odamning ishi oson. Kekirdagiga solasan, tamom...

Ikki oshnaning gaplarini eshitib, Jamshid esnab qoʻydi.

5

Asadbek Zelixonning gaplarini diqqat bilan eshitdi.
— Bu ishga mening nima aloqam bor? — dedi picha mulohaza qilgach.
— Hosilboyvachchani siz yoʻlga solishingiz mumkin.
— Menmi? Kim aytdi buni sizga?
— Shaharning zoʻri uchta. Uchinchisi Markanyan. U aralashmaydi. Ikki urushqoq podshoning kuchi qirqilsa unga yaxshi.
— Hosilga soʻzim oʻtmaydi. U oʻzinikini ma’qullaydigan bola. Unga Xongirey bir narsa desa balki...
— Xongirey ham aralashmayman, deyapti. Xongireyni hukumatning odamlari ogohlantirib qoʻyishganga oʻxshaydi.

«Xongireyni ogohlantirishgan boʻlsa... demak... biz aralashguday boʻlsak, hukumat bizni ham omon qoʻymaydi. Istasa, bir kechada yakson qilib tashlaydi, — deb oʻyladi Asadbek. — Bu chechen nimaga tipirchilab qoldi? Toʻrtta oʻzbek bilan turk urushsa unga nima? Sibirdagi qamoqxonalardan kallakesarlar qochgan boʻlsa, oʻzbek bilan turkning urushiga nima aloqasi bor? Ular kimga xizmat qiladi?..»

Asadbek Zelixonga tikildi. Bu chaqchaygan, oʻtkir qarashli koʻzlarda munofiqlik uchquni bormi-yoʻqmi, aniqlamoqchi boʻldi. Bir necha nafaslik nigoh buni aniqlash uchun kifoya etmadi. Asadbek qattiq tikilsa, uncha-buncha koʻzlar dosh berolmasdi. Zelixon esa «oʻqilon» deb nom chiqargan bu odamdan zarracha tap tortmay oʻtiraverardi. Aslini olganda, jinoyatchilar olamining yozilmagan qonuniga koʻra, ular bir-birlariga dushman edilar. Zelixon Asadbekdan yomonlik koʻrmagan, unga da’voi ham yoʻq, uni dushman deb bilmaydi. Shuning uchun ham bu yerga dadil keldi. Elchin bilan Asadbek orasidagi dushmanlik toʻydan keyin kamaygan degan fikrda. Biroq, Asadbekka Zelixonning kim ekani ma’lum, keyingi oylar ichi koʻrgan tashvishlari shu odam tufayli ekanini, qizini oʻgʻirlab zoʻrlashda ham, Shilimshiqni oʻldirishda ham Elchinning yolgʻiz boʻlmaganini endi aniq biladi.

Elchin qoʻngʻiroq qilganidan soʻng Anvar bilan suhbatini davom ettirgan boʻlsa-da, xayolining bir cheti «ularning maqsadi ne ekan?» degan savolga javob topish bilan band edi. Zelixon voqeani bayon qilayotganida ham, hozir ham shu savolga javob izlardi. Zelixonning toʻgʻri gaplariga ishona qolmasdi.

Asadbek shu paytgacha koʻnglini ranjitgan odamni kechirmagan. Tiz choʻkib tavba qilganlar ham uning gʻazabidan benasib qolishmagan. Yoʻq, u gunohkorlarni bir chetdan oʻlimga hukm qilavermas edi. Oʻlim — soʻnggi chora. Bu chorani kamdan-kam hollarda qoʻllardi. U joriy etgan oʻziga xos jazo usullari mavjud. Sulaymonovning taqdiri, Shilimshiqning surgun qilinishi ana shu usullardanki, siz bunga guvohsiz. Asadbek keyingi paytda koʻngli boʻshlik qilyaptimi yo ehtiyotkor boʻlib qolganmi, har nechuk jazo usullarini yumshatdi. Roʻparasida oʻtirgan chechenni uch-toʻrt yil avval boʻlganida oʻylab oʻtirmay oʻlimga hukm qilib yuborardi. Hozir esa uning maslahatlariga quloq tutib oʻtiribdi. Uning gunohini kechirish mumkinmi? Gaplariga ishonish kerakmi? Maqsadi Hosilboyvachcha bilan urushtirib qoʻyish boʻlsa-chi?..
— Men oʻsha tomonlarning tuzini ichganman, — dedi Zelixon, oradagi sukutni buzib. U bu yoqqa kelayotganidayoq Asadbekni ishontirish oson emasligini bilgan edi. Asadbekning oʻyga tolganini koʻrib, fursatdan foydalandi — oʻtmishdan soʻz ochdi. — Oʻgʻirlikni ham oʻsha yoqda oʻrganganman. Bir kun ustam bilan boyvachcha odamning uyini urdik. Hamma narsasini shilib ketayotganimizda ustamning koʻzlari bir xaltaga tushib, menga «qara-chi, nima ekan», dedilar. Qorongʻida nimaligini bilmay, yalab koʻrsam, tuz ekan. Ustamga «tuz ekan», desam, «qaydan bilding?» dedilar. «Yalab koʻrdim», dedim. «Oʻ, padarla’nat, kasofat», dedilar-da, toʻplagan mol-matohni uy ichiga qaytardilar. «Bu xonadonda tuz ichganday boʻlibmiz, molini oʻgʻirlasak, gunohga botamiz», deb, qup-quruq chiqib ketdilar.

Asadbek bu hikoya nima uchun aytilganini aniq tushunmay:
— Ha, shunaqa mard odamlar bor edi, — deb qoʻydi.

Zelixonning hikoyasi yodiga ustozini soldi. U odam ham gʻoyat mard edi. Ular egasiz hovlida oshiq tepishardi. Asadbek bolalarga qoʻshilib tamoshaga kelardi. Qimorbozlarning ular bilan ishlari yoʻq. Keyinchalik Asadbekni qanotiga olgan Sadirbekkina bolalarni haydagani haydagan edi. Sadirbek buning sababini ancha keyin, Asadbek uylanayotgan mahalda tushuntirdi:
— Qimorbozdan Xudo bezor, bolam, — degan edi u. — Qoʻlimdan million-million soʻm pul oʻtdi. Ammo birim sira ikki boʻlmadi. Seni bolam deganman. Vaqti kelsa, bolam boʻlib, bir parcha kafanga oʻrab koʻmib qoʻysang bas. Esingdami, bolaligingda nuqul senlarni haydardim. Oʻshanda men qimorni oʻrganishlaringni istamasdim. Peshonangda bor ekan, sen qoʻshilib qolding. Bizni Xudo urgani yetarli... Senga aytadigan gapim bitta: nikohingning ertasigayoq qimorni tashlaysan. Koʻngil uzolmasang, qozilik qil. Tirikchiliging oʻtib turadi. Ammo qimor oʻynama. Sen bir kuni «nima uchun uylanmaysiz?» devding. Savolingga endi javob beray: bir qizni suyib uylangan edim. Yigirma kunlik kuyovman, ulfatlarim «supraqoqdi»ga kelishdi. Birpasda bor narsamni yutqazdim. Kelinning devorga yoyilgan latta-luttalari ham ketdi. Yigirma kunlik kelin «erimning oʻrtoqlari kelibdi», deb xizmat qilib yuribdi. Bir mahal u samovor koʻtarib oʻtib qolmaydimi, koʻzim unga tushib qolmaydimi, shayton «xotiningni tik», dedi, shartta tikib yubordim. Yutqazdim. Men yalindim, xotinim dod dedi, qayoqda, qiy-chuvga parvo qilmay, otga oʻngarib olib ketdi. Shu xotinning uvoli tutadi meni...

Yigʻlamsirab aytilgan bu gaplar Asadbekning yuragiga mixlanib qoldi. Qimorni tashladi. Ammo ustasini odam qatorida dafn qilish unga nasib qilmadi. Rusiya tomonlarga ketganicha qaytib kelmadi. Sheriklari ham tayinli javob aytishmadi...

Hozir Asadbek shuni esladi. Esladi-yu, ammo tiliga chiqarmadi.
— Men oʻsha joyning tuzini ichganman, — dedi Zelixon, gapini takrorlab. — Urushda bizni haydab kelishgan. Biz tigʻ koʻtarib kelmadik. Boʻsh qoʻl, och qorin bilan keldik. Onam ham, buvam ham oʻsha yoqda yotibdilar. Kafanlikni ham oʻzbeklar berishgan. Men kichkina bola edim. Itday xor qilib haydab kelishgan. Turklarning boshiga ham shu kun tushgan. Xorlik nimaligini bilaman. Buvam ichgan tuzingni oqla, deganlar. Oʻgʻri boʻlib ketdim. Buvamning vasiyatlarini bajarmadim. Endi ham qarab tursam yarashmaydi. Siz gaplarimga ishonmayapsiz.
— Ha, — Asadbek shunday deb oʻrnidan turdi.
— Toʻgʻri qilasiz, — dedi Zelixon, — darrov ishonsangiz, sizni nodon derdim.
— Men oʻylab koʻraman. Sizdan bir iltimosim bor. Elchin koʻproq sizga suyanadi. Gapingizga quloq soladi. Unga tayinlang, jim yursin. Haddidan oshmasin. U ashulachi, ashulasini aytib yuraversin.
— Siz haqsiz. Men ham unga shunday dedim.

XXIII bob

1

— Toʻyxonami oʻzi, bu? — dedi Zelixon, Ahadbey bilan quchoqlashib koʻrishib. — Nimaga jimjit? Mana, oʻzbekning eng zoʻr ashulachisini olib keldim. Toʻyingni gullatib beradi. Toʻyingning dovrugʻi butun Fargʻonaga taralmasa, basharamga tupurasan.

Ahadbey oshnasining gaplaridan kulimsirab, Elchin bilan koʻrishdi.
— Mana, sizlar keldingiz, toʻy endi boshlanadi-da, — deb ularni ichkari boshladi.

Pastak deraza oldida oʻtirgan Ismoilbey ularni koʻrgan edi. Mehmonlar ostona hatlab uyga kirmay turib, ularga peshvoz chiqdi.
— Omon keldingmi, bolam, koʻzim toʻrt boʻlib oʻtiruvdim.
— Samolyot vaqtida uchmay, xunob qildi. Elchin, yetmishga kirgan kuyov bola shu kishi boʻladi. Qani ota, qoʻlni uzating, — Zelixon shunday deb Ismoilbeyning barmogʻiga tilla uzuk taqdi. Ikkinchi uzukni cholning kaftiga qoʻydi. — Bunisi xolamga, oʻzingiz taqib qoʻying. Ahadbey, oshna, sen bilan men baxtli odammiz. Ota-onasining oltin toʻyini koʻrish hammaga ham nasib qilmaydi. — Zelixon yon choʻntagidan taxi buzilmagan bir dasta pul chiqarib, Ahadbeyga uzatdi.— Hozir bitta buqa topib agʻdarasan. Qozonning kattasini os. Oshdan yeganlarning hammasi shu yoshga yetsin, oltin toʻylarni koʻrsin. Mikrofonlarni oʻrnat, hofiz tinmasdan ashula aytadi. Elchin kelganini bilsa uyingga odamlar sigʻmay ketadi. Oʻzbeklarga oʻzbekchasini, turklarga turkchasini aytadi. Chechenchasini bilmaydi bu xumpar, bilsa uni ham aytardi. Bu hofizga yetadigani yoʻq, olamda!
— Bolam, kel oʻtir, — dedi Ismoilbey, bosiq ohangda. Shu ohang Zelixonning tantanavor kayfiyatidagi hovurni oʻchirdi. Ota-bolaning koʻzlarida shodiyona uchquni koʻrinmaganidan ajablanib, chol koʻrsatgan tomonga oʻtib oʻtirdi. Ismoilbey pichirlab duo oʻqib, yuziga fotiha tortdi.
— Nima gap, tinchlikmi oʻzi? — dedi Zelixon.
— Tinchlik, — dedi Ismoilbey, keyin oʻzicha nimadir deb pichirlab, koʻzini yumdi. Bir necha tundan beri u tushida dengizni koʻradi. Toʻlin oy dengiz adogʻiga yonboshlab, mavjlar uzra uzun nurli poyandoz yozadi. U shirintoy oʻgʻlini yelkasiga oʻtqazib, shu poyandoz ustida yurib boradi. Birdan oy yuzini bulut parchasi toʻsadi. Poyandoz yoʻqolib u suvga shoʻngʻiydi. Qancha tipirchilamasin, suv qa’riga tortaveradi. Bu manzarani bir marta koʻrsa, suv yorugʻlik degan ta’birni eslab qoʻya qolardi. Ketma-ket koʻrayotgani uchun hayron... Kechagi voqeadan soʻng koʻngliga xavotir oraladi.
— Maskovdagi vakillar kelishdimi? — deb soʻradi Zelixon. U ota-bolaning noxush kayfiyatiga shu ta’sir etdimikin, deb oʻyladi.
— Qaytishdi, — dedi Ahadbey, otasiga bir qarab olib. — Tarvuzlari qoʻltiqlaridan tushib qaytishdi. Maskovning qaytargisi yoʻq.
— Duch kelgan yerlarda yashab ketaveradigan odamlar Vatanning qadriga yetarmidi? Qorin dardidagi odam Vatan dardiga tushuna olmaydi. Bormanglar, devdim, quloq solishmadi, — Ismoilbey shunday deb xoʻrsindi. — Vatanga qaytaradigan niyati boʻlsa, oʻshanda haydab chiqarishmas edi. Yaxshilik bilan bitadigan ish emas bu.
— Xohlasangiz, Oʻzbekiston ichida muxtor viloyat tashkil etib beraylik, deyishibdi.
— Bundan foyda bormi? — dedi Zelixon Ahadbeyga qarab.
— Ularga naf bordir. Na turklar, na oʻzbeklar bir naf koʻradi bundan.
— Bizga muxtor viloyat emas, Vatan tuprogʻi kerak, — dedi Ismoilbey. — Maskovga umid bilan ketdilar-u, jonga halovatli xabar keltira olmadilar. Bu yurakda endi na quyosh bor, na nur, na hayot qoʻshigʻi bor. Daryodagi yolgʻiz qayiqday, mayoqsiz suzamiz. Yurt gʻaflat uyqusida bejon va behush. Qoʻrqinch bulutlari daf boʻlib, oydin chiqar, deb yanglishibmiz...

Zelixon tizzasiga shapati urdi.
— Maskov bugun koʻnmagan boʻlsa, ertaga koʻnadi. Shunga motam tutib oʻtiribsizlarmi? Toʻy toʻydek boʻlsin!

Ismoilbey asta oʻrnidan turib, qaddini mashaqqat bilan tikladi-da, uydan chiqdi.
— Oqsoqolni xafa qilib qoʻydimmi? — dedi Zelixon, Ahadbeyga ajablanib qarab.
— Yoʻq, xafa boʻladigan gap gapirmading. Bir-ikki kundan beri koʻngillari nima uchundir xijil boʻlib yuribdi.
— Oʻzing-chi? Sen nimaga tumshugʻingni osiltirib olgansan? Nimaga odamlar koʻrinmaydi? Toʻy bugunmi yo ertagami?
— Toʻy... toʻyni qoldirdik, oshna.
— Nima uchun?
— Oʻtgan kuni Quvasoyda janjal chiqqan.
— Oʻzbeklar bilanmi?
— Ha. Pivoxonada boshlanibdi.
— Fedya oʻsha yerda ekanmi?
— U koʻrinmay qoluvdi. Ammo...
— Oxiri nima boʻldi?
— Bir yigitni otib qoʻyishibdi.
— Yigit kim, oʻzbekmi, otgan — turkmi?
— Otganni oʻzimiz ushlab topshirdik. Tez sud qilib hukm chiqaringlar, deb talab qilib turibmiz. Oʻzbeklar orasida gʻalati gap-soʻzlar tarqalyapti.
— Qanaqa?

Ahadbey jimgina oʻtirgan Elchinga bir qarab olib, past ovozda dedi:
— Turklarning vahshiyligi haqida.
— Demak, boshlanibdi...— dedi Zelixon, xuddi oʻziga oʻzi gapirganday. — Toʻyni toʻxtatib toʻgʻri qilibsan. Elchin, sen uyingga qaytaver.
— Siz bilan birga qolsam-chi?
— Xohishing... Qani, Ahadbey, oʻrningdan tur, ketdik.
— Qayoqqa?
— Selimnikiga.

Selim ularni xushchaqchaqlik bilan kutmadi. Uning qarashida xavotir ham sezilmadi. Aksincha, kutilmagan mehmonlarga hushi yoʻqligini yashirmadi. Uyga kirishlari bilan Zelixon shart orqasiga oʻgirilib, uni yoqasidan oldi.
— Otgan bola kim? — dedi gʻazab bilan.
— Tanimayman.

Selim soʻzini tugatmay, qornidan musht yedi.
— Choʻpchagingni enangga aytasan, — dedi Zelixon ikkinchi mushtni tushirib. — Kim deyapman, sening odamingmi?
— Yoʻq, bu janjalga biz aralashmadik. U bola hech kimning odami emas.
— Qaerda oʻtiribdi, Fargʻonadami?
— Yoʻq, shu yerda.
— Hozir olib borasan, uchrashtirasan.
— Milisaga gapim oʻtmaydi.

Qorniga tushgan uchinchi musht zarbi kuchliroq boʻldimi, harholda Selim milisaga soʻzi oʻtishi mumkinligini eslab qoldi.

Milisaxonadagilar Selimning iltimosini rad etolmay, «qotilning amakisi boʻlmish» Zelixonga besh daqiqalik uchrashuvga ruxsat berishdi. Toʻs-toʻpolonda uyidan miltiq chiqarib oʻq uzgan yigitni koʻrgan odam uni birov bilan urushadigan holi bor, deb oʻylamas edi. Muk tushib yotgan yigit Zelixonni tergovchi deb oʻylab, erinibgina qaddini koʻtardi. Yigitning yuz-koʻzida koʻkargan yoki tirnalgan joy yoʻq edi. Koʻzlarida ham azob uchqunlari sezilmasdi. «Nahot, urib-tergashmagan boʻlsa...». Zelixon tik bostirib borib, dahani ostiga mushtini tiradi.
— Mening umrim qamoqda oʻtgan, — dedi u dabdurustdan.— Shu sababli sen bilan pachakilashib oʻtirmayman. Toʻgʻrisini aytmasang, ichagingni boshingga salla qilib oʻrab ketaman. Miltiqni senga kim berdi?
— Oʻzim oldim. Uyda turgan edi.
— Nimaga otding?
— Quvlab kelishdi.
— Tergovchiga shunday dedingmi?
— Ha.
— Men tergovchi emasman. Menga toʻgʻrisini aytishing kerak, tushundingmi?
— Toʻgʻrisini...

Yigit qorniga musht tushib, bukchayib qoldi. Zelixon kekirdagidan chimchilab, uni qaddini rostlashga majbur etdi.
— Nasha chekasanmi?
— Yoʻq.
— Nashani kimdan olding oʻsha kuni?
— Chekmayman, dedim-ku?

Zelixon uning qorniga yana bir musht urdi. Bukchaygan qaddini bu safar rostlamadi.
— Kim berdi, Selimmi?

Yigit ogʻriq zoʻridan ingradi, ammo javob bermadi. Zelixon uni qulogʻidan choʻzib, boshini koʻtardi. Yigit qoʻrqib koʻzini olib qochdi. Zelixon ikki barmogʻini ombur qilib uning kekirdagini qim- chidi.
— Selim berdimi?
— Ha...— yigit shunday deb oʻqchib yubordi.

Zelixon boplab bir tepsammi, deb xezlandi-yu, «buni urgandan nima foyda», deb oʻzini tiydi.

2

Elchin Zelixonga qoʻshilib milisaxonaga bormadi. U Ahadbey bilan birga eski «Zaporojets» yonida qoldi. Ikkovlon bittadan chekishdi. Ahadbey katta shahardagi ob-havoni surishtirgan boʻldi. Tabiatan kamgaproq Ahadbey Zelixon ta’rifidagi «zoʻr ashulachi» bilan nima haqda suhbatlashishini bilmas edi. Bir paytlar lashkari shonu shuhratdan iborat boʻlgan Elchinning nomi avvaldan tanish, uning keyingi umri esa, tabiiyki, unga qorongʻi edi.

Elchin Ahadbeyni sirtdan bilardi. Zelixon qamoqdaligida ham, ozodlikka chiqqanidan keyin ham u haqda gapirgan edi. Biroq Elchin Vatan hajrida dillari vayron bu odamlarning qismati haqida oʻylab koʻrmagandi. Hozir unga qarab turib, kam aytgan ashulalaridan birini eslamoqchi boʻldi:

«Sen ey, bedard, naylaykim, koʻngul dardini bilmaysan...»

Shuhrat bulutida suzgan choqlarida, dili qaygʻuga begona, maishatga oshno damlarda koʻngul dardi haqida qanday kuyladi ekan? Ajab, qoʻshiqning ohangini ham unutibdi. Endi u dil azobi nima ekanini biladi. Lekin bu odamga dardkash boʻla oladimi? Eski «Zaporojets»iga suyanib turgan Ahadbey dardini tushunish, boshi uzra toʻplanayotgan hasrat balolarini haydashga kimning qurbi yetadi? Xoʻrlik koʻchasidan oʻtib kelgan Zelixon ham uning dardini toʻlaligicha his qila olmas... Bu dunyoda qasos jomini sipqorib lazzatlanish uchungina tirik qolganman, deb hisoblovchi Elchin Vatandan quvilgan, begona tuproq uzra tariqday sochilgan xalqi taqdiridan kuyayotgan odam dardiga qanday sherik boʻlishi mumkin? Ahadbey yuragi jahannam azoblarining yaqinlashayotganini sezib behalovat tepadi. Hademay «Vatani yoʻqning imoni yoʻqtur», degan tillarning, Vatan tomon termilib, nuri qochgan koʻzlarning gulxanda kuyajagini bilmasa-da, qalbini oʻsha boʻlajak alanga tafti kuydira boshlagan.

Ahadbey mezbonning hadeb jim turaverishi odobdan emas, degan qarorga kelib, yonidan Zelixon bergan pulni chiqardi-da, Elchinga uzatdi:
— Mendan olmaydi, siz berib qoʻying...— dedi.

Elchin uning maqsadini tushundi — yoʻq toʻyga toʻyona olishni istamayapti. Balki Zelixonning «bitta buqa topib, agʻdarasan...» degani malol kelgandir? Mol soʻyishga qurbi yetmagan odam toʻy boshlamaydi. Zelixon sof koʻngilda toʻyona bergan boʻlsa-da, gaplaridagi ohangda bir oz manmanlik, minnat sezilgan edi. Elchin Ahadbey shundan ogʻringan, deb oʻylab, bosh chayqadi:
— Mendan ham olmaydi. Fe’lini bilasiz-ku? Sal qoʻpolroq gapirgani bilan koʻngli toza.

Ahadbey kulimsirab, bosh chayqadi. «Men uning gapidan xafa boʻlmadim», demadi. Shuni aytsa, «demak, baribir qoʻpol gapi dilini ogʻritgan ekan-da», degan fikr chiqishi mumkin edi.
— Sizdan iltimos uka... Otam aytdilar. Gaplarini qaytara olmayman. Xudo xohlasa, zamon tinchisa, toʻyni qoldirmaymiz. — Ahadbey shunday deb, Elchinning tislanishiga qaramay, pulni pidjagining choʻntagiga solib qoʻydi. — Xudo xayringizni bersin, uka...

Koʻp oʻtmay ularning yonida Selimning mashinasi kelib toʻxtadi. Selim ish bitdi, degan maqsadda xayrlashish uchun Ahadbey sari qadam qoʻyganida Zelixon uni toʻxtatdi:
— Uyingga yur, — dedi gʻazab bilan.

Ahadbey doʻstining avzoyi buzilganini bilib, unga yaqinlashdi-da, bilagidan ushladi.
— Zeli, ketdik, — dedi qat’iy ohangda.
— Sen nari tur, — Zelixon bir siltanib, qoʻlini boʻshatdi-da, bezrayib turgan Selimga oʻshqirdi: — Uyingga kir, xunasa!

Selim ahvol chatoqligini sezib, qafasdagi qush holiga tushdi. Bir Zelixonga, bir xotirjam Elchinga qaradi. Elchinni Zelixonning kallakesar shogirdlaridan deb gumon qilib, oyoqlariga qaltiroq yugurdi. Zelixon uni boʻyniga chang solib, sudradi.
— Zeli ogʻa, sizga nima boʻldi? Sizga nima yomonlik qildim...

Selim darvozadan ichkari kirguncha yalinchoq ovozda shu gaplarni takrorlayverdi. Ostona hatlashi bilan Zelixonni oyogʻi ham ishga kirishdi. Goʻshtdor odamning toʻrt-besh qadam uchib tushganini orqadan kelayotgan Elchin ham, Ahadbey ham sezmay qolishdi. Selim oʻrnidan turishga harkat qilib tipirchiladi. Zelixon unga yaqinlashib, sochini tutamlab koʻtardi-da, jagʻiga musht urdi. Elchin Zelixonning mushtlashishini koʻp koʻrgan. Bunaqa paytda uni toʻxtatib qolish juda mushkul. Ajratmoqchi boʻlganlar ham uning mushtidan yoki tepkisidan benasib qolmaydilar. Elchin, Selimning kimligini, kaltakka loyiqmi yo yoʻqmi, bilmasa-da, Zelixonga erk berish noma’qul ekanini fahmlab, orqasidan quchoqladi. Ahadbey chaqqon yurib kelib, Zelixon bilan Selim orasida turib oldi.
— Ahadbey, qoch, — dedi Zelixon, tishini gʻijirlatib.
— Zeli, oʻzingni bos, foydasi yoʻq.

Bu orada oshxona tomondan ayol kishining faryodi eshitildi. Bir nafas oʻtmay, semiz xotin «voy-dod, erimni oʻldirib qoʻyadi», deganicha lopillab yugurib kela boshladi.
— Qayt, — dedi Zelixon unga qarab oʻshqirib. — Qayt, deyapman! Joyingda damingni chiqarmay oʻtir!

Xotin uning poʻpisasiga parvo qilmay, erini toʻsdi. Ahadbeyning roʻparada turishi, xotinning qalqon boʻlib olgani ham foyda bermadi. Zelixon bir siltanib Elchinning quchogʻidan chiqdiyu Selimni tepdi. Xotin er bilan ovora, Elchin bilan Ahadbey esa Zelixonni mahkam ushlashdi.
— Guli, milisaga tilpon qil! — deb baqirdi ayol, oshxona tomon qarab.
— Zeli, qoʻy uni, ketdik, — dedi Ahadbey.
— Yoʻq, qoʻymayman, — dedi Zelixon. — Hammasini shu boshlagan. Qoʻyvor meni, — Zelixon shunday deb siltandi. — Qoʻyvor, bu xunasaga tegmayman. Sen chiqib mahalladagi turklar bilan oʻzbeklarni chaqirib kel. Men buning aybini boʻyniga qoʻyaman. Oʻzbeklar buni toshboʻron qilishsin.

Ahadbey itoat bilan chiqdi. U odam toʻplashga ulgurmay Selimning darvozasi roʻparasida milisaning mashinasi kelib toʻxtadi. Undan ikki milisa yigit tushdi. Ular ostona hatlashlari bilan Zelixon:
— Orqaga qaytlaring! — deb buyurdi.

Milisa yigitlar avvaliga buyruqqa itoat etib, toʻxtadilar. Soʻng «kim ekan bu, bizga buyruq beradigan?» deganday yana bir-ikki qadam qoʻydilar.
— Qaytinglar! — deb baqirdi Zelixon, soʻng Selimga oʻgirildi. — Kimligimni bilasan, a? Aytib qoʻy, qaytishsin!

Selim Zelixonga qoʻrqibgina qarab olib:
— Qaytinglar, — dedi.

Milisa yigitlar koʻchaga chiqishdi-yu, ammo mashinalariga oʻtirishmadi. Bu orada oʻnga yaqin odam toʻplandi. Ahadbey koʻpchilikni aytgan boʻlsa ham, choʻchibmi, mulohaza qilibmi, chiqishmadi. Zelixon oq yaktak ustidan mayda qaviq toʻn kiyib, belbogʻ bogʻlagan, bir tutam oq soqoli oʻziga yarashgan cholga yaqinlashib, qoʻsh qoʻllab soʻrashdi-da:
— Ota, — dedi, — mana bu odamni taniysizlarmi?
— Ha, taniymiz, bolam, — dedi chol, yuzi qontalash Selimga ajablanib qarab.
— Bu odam emas, shaytonning urgʻochisi, buni ham bilasizmi?
— Unday demang, bolam, bu ham Xudoning bir bandasi.
— Xudoning bandasi bunaqa boʻlmaydi-da, ota. Bu odam tuzingizni ichib, tuzligʻingizga tupurdi. Kechagi toʻs-toʻpolonni shu boshlagan. Otgan bola bilan oʻzim gaplashib chiqdim. Men chechenman, ota. Ammo oʻzbekning nonini yeganman, suvini ichganman. Turklar bilan qismatim bir. Bu barmogʻimni tishlasam ham ogʻriydi, bunisini tishlasam ham ogʻriydi. Orada qon toʻkilishini istamayman.
— Xudo xohlasa nizo chiqmaydi, bolam. Qirq yil bir gap oralamagan, endi oralaydimi? Yoshlar...
— Yoʻq, ota, kalta oʻylamang. Bularning oyoqlari zulmga qarab yetaklayapti. Begunoh inson qonlari toʻkiladi.
— Astagʻfirulloh, deng, bolam. Yomon nafas qilmang.
— Bu xunasani toshboʻron qilib oʻldiringlar. Javobini men beraman. Toshboʻron qilmasalaring oʻzim oʻldiraman. Shu savobni deb qamoqda chirib keta qolay.

Chol Zelixonga yaqinlashib goʻshtsiz barmoqlari bilan uning gʻazabdan yonib turgan yuzini siladi. Zelixon seskanib ketdi. Bobosining barmoqlarini esladi. Bobosi oʻlganidan beri bu yuzlarni birov mehr bilan silamagan edi...
— Bolam, shaytonga hay bering. Gunohi boʻlsa, ana, milisa turibdi. Olib borsin, soʻroq qilsin...

Cholning barmoqlari Zelixon vujudiga hukm oʻtkazayotgan gʻazabini yengdi. Gʻazab, nafrat chekindi-yu, birdan xoʻrlik buluti bosib kelib, koʻzlari namlandi.
— Ota, koʻngilchanglik qilmanglar. Bunaqalarning mingtasini yigʻishtirib kelsangiz, bitta pichoqqa sop boʻlmaydi-yu, ammo hammayoqni qiyomat qilib ketish qoʻllaridan keladi. Siz milisaga ishonmang, ota.
— Bolam, menday nodon cholga xoʻp, deya qoling, yuring, — chol shunday deb uni yelkasiga qoqdi. Shundan soʻng hozirgina sher kepatasidagi Zelixon qoʻy holiga tushdi.
— Ketaylik, — dedi Elchin, — ota toʻgʻri aytyaptilar.
— Men bu xunasaga yaxshilikcha aytgan edim, — dedi Zelixon, xuddi oʻziga oʻzi gapirganday. — Arining uyasini kavlama, koʻchib ket, devdim... Bu koʻr, men soqov ekanman. Koʻr bilan soqov ikki dunyoda bir-birining gapiga tushunmaydi...— Zelixon shunday deb, boʻshashgan holda darvoza tomon yurdi. Milisa yigitlarning oldidan oʻtayotganida toʻxtadi: — Oborib tiqib qoʻyish qoʻllaringdan keladimi? — Yigitlar javob oʻrniga bir-birlariga savolomuz qarab oldilar. Zelixon ulardan tasdiq javobini kutmagan ham edi. Agar Selimning adolatli jazo olishini bilganida uni doʻpposlamas, odam toʻplab «toshboʻron qilinglar», demas edi.
— Haqiqiy erkak boʻlish uchun oʻgʻil bola boʻlib, tugʻilish kifoya emas, — deb toʻngʻilladi Zelixon, «Zaporojets»ning orqa tomoniga oʻtirib. Bu gapni kimga qarata aytganini Ahadbey ham, Elchin ham anglamadi.
— Bekorga boʻgʻilyapsan, — dedi Ahadbey. — Gapingga kirib toshboʻron qilishganida battar boʻlardi. Chol toʻgʻri qildi.

Elchin suhbatga qoʻshilmadi. Uning nazarida ham oqsoqol eng toʻgʻri yoʻlni tanlagan edi. Elchin bu voqeani bir necha kundan soʻng yana eslaydi. Ana oʻshanda «Chol toʻxtatmay, Selimni toshboʻron qildirganida balki bu qiyomat sodir boʻlmasmidi», deb oʻylaydi.

Tabiatga hukm oʻtkazgan qish yer sathini bezaydi. Odam yuragida koʻz ochgan qish esa dilni muzlatadi, insonga husn bermaydi. Koʻngilni oʻz hukmiga olgan muz odam olasiga xos mehr-shafqatni mahf etadi. Oqibatda esa yirtqich hayvonlarni ham lol qoldirishi mumkin boʻlgan vahshiyliklar sodir boʻladi.

Zelixon, cholning barmoqlari yuziga tegishi bilan koʻngli yumshagan boʻlsa ham, alamdan tushmagan edi. «Agar bir itni oʻldirsang, odamlar sendan nafratlanishadi, — deb oʻyladi u. — Oldin «bu it quturgan» deb ishontirib, soʻng oʻldirsang, rahmat aytishadi. Selim itdan battar maxluq edi, quturgan itni balki davolash mumkindir. Pul quturtirgan odamni-chi? Uni faqat oʻldirish kerak. Nimadan qoʻrqishdi?..»
— Ahadbey, aeroportga hayda, — dedi Zelixon buyruq ohangida. — Elchinni kuzatib qoʻyaylik.
— Bir-ikki kun qolaman, — dedi Elchin, e’tiroz bildirib. — Oshna-ogʻaynilar bilan otamlashib ketay...
— Oʻzing bilasan. Men bular tinchiguncha Ahadbeynikida boʻlaman. Ahadbey, Fargʻonaga hayda. Fedyani topaylik.

Elchin shaharni kesib oʻtgan soy boʻyida tushib qoldi. Eski «Zaporojets» mashinalar oqimiga qoʻshilib burilib ketgunicha orqasidan tikilib turdi. «Zeli ogʻa hozir gap koʻtara olmaydi, — deb oʻyladi u. — Tashlab ketsam ham boʻlmaydi. Jigarlarim doʻzaxda kuysa, men jannatda yayrab yashay olamanmi, dedi. Koʻngli yomonlik sezyapti. Nahot, arzimas janjaldan katta fojia tugʻilsa?! Ilgari yigitlar urishmaganmi, bir-biriga pichoq tortmaganmi? Nimaga endi qiyomat boshlanishi kerak? Qorabogʻdagi ahvol ma’lum. Til boshqa, din boshqa, dil boshqa. Tili bir, dini bir, urf-odati bir odamlar bir-birlarining qonlarini nimani bahona qilib toʻkadilar? Zeli ogʻa oshirib yuboryapti shekilli? Har nima boʻlganida ham, bir-ikki kun shu atrofda yuray-chi... «Raqib kula boshlar, yaqin doʻsting ahvolingga chekmasa qaygʻu...» Elchin shu toʻxtamga kelib, soy boʻyidagi samovarxona tomon yurdi.

Elchin yaqindagina boʻyoqdan chiqqan soʻriga borib oʻtirdi. Soyning loyqa suvi ayqirib, beton qirgʻoqni yalab oʻtadi. «Odamning umri ham shu soyga oʻxshaydi, — deb oʻyladi Elchin. — Dam mana shu loyqa suvday zardob toʻlib oqadi. Dardini qayoqqa singdirishini bilmaydi... Hayot ikki qirgʻogʻi betonlangan soyning oʻzi. Bir qarich chetga chiqmaysan. Ayniqsa loyqa damlarda qiyin. Bu soy ham bora-bora tinchiydi, tinadi. Shunga majbur, boshqa iloji yoʻq...»
— Assalomu alaykum, Hofiz aka...

Qiroat bilan berilgan salom uni xayol dunyosidan qaytarib, ovoz kelgan tomonga oʻgirilishiga majbur etdi. Margʻilonnuxsa doʻppini boshiga qiyshiq qoʻndirgan, qaldirgʻoch moʻylovi oʻziga yarashiqli, koʻzlari kulib turuvchi yigit Elchin oʻgirilgach, yana bir marta salom berdi-da, qoʻshqoʻllab soʻrashdi.
— Omonmisiz, aka, bugun quyosh qayoqdan chiqdi, deb tursam, sizning kelishingiz ekan-da, — yigit koʻrpachaning bir chetiga oʻtirib, yuziga fotiha tortgan boʻldi. — Sizni koʻrib avval koʻzimizga ishonmadik. Aka, bir lutf koʻrsatib, bizning soʻriga oʻtsangiz, bir choʻqimgina oshimiz bor edi.

Elchin bu yigitni tanimagani uchun taklifini qabul qilishga ikkilandi.
— Siz hech xijolat boʻlmang, aka, — dedi yigit. — San’at shinavandalari yigʻilganmiz. Men teatruda ishlayman. Xizmatga endigina kirgan vaqtimda bir kelgan edingiz. Shu-shu koʻngilni egallab qoʻygansiz. Ismim Tolibjon, aka, marhamat qiling.

Elchin koʻpam noz etmay, oʻrnidan turdi. Tengqur hamkasblar ichkarida davra qurishgan ekan. Ularning ayrimlari Elchinni avval ham bir-ikki koʻrgan, ayrimlari dovrugʻini eshitgan edi. Elchin shuhrat otidan barvaqt tushib qolmaganida bunday davrani mensib qoʻshilarmidi, yoʻqmi — Xudo biladi. Amaldorlar mansabdan tushgan kunning ertasigayoq yolgʻizlanib qoladilar. Oʻzini doʻst tutib yurganlar yuz burib ketaveradilar. Shuhrati soʻngan san’atkorlarni esa bu achchiq qismat kutmaydi. Ularning muxlislari saqlanib qoladi. Ayniqsa hamkasblar yuzaki boʻlsa-da, qulluq qilib turadilar. Insofi bor san’atchi «osmonda suzib yurganimda buni mensimay durust ish qilmagan ekanman», deb xijolat boʻlishi mumkin. Otdan tushsa ham egardan tushmaydigan xili esa, «meni izzat qilishga majburlar», deb yoʻnilmagan tayoqday oʻtiraveradi. Elchin Fargʻonada koʻp boʻlgan, koʻp ziyofatlarning toʻrida oʻtirgan. Koʻp odamlar bilan qoʻl berib soʻrashaverish ham erish tuyilgan. Hozir oʻsha qiligʻi esiga tushib odamlarni mensimay ranjitgandirman, deb bir oz uyaldi.

Davradagilar Elchinning tashrifidan astoydil quvondilar. Mehmonni xijolatga qoʻyishi mumkin boʻlgan gaplardan gapirmadilar, xotiralarni tilga olmadilar. Elchin bilgan odamlarni bir-bir eslab, soʻrab-surishtirdi. Davradagilar dam hazil bilan, dam afsus bilan javob qaytardilar. Osh suzilishidan oldin Elchin:
— Fargʻona tinchmi, oʻzi? — deb soʻradi.
— Tinch boʻlmay qayoqqa borardi. Qizil poshshomizni Maskovga deputat qilib saylab qoʻyganmiz. Doʻppini boshga chambarak qilib yuribmiz, qizil poshsho davrida Fargʻonamiz bi-ir gullaydigan boʻlib turibdi.
— Tolibjon erta-saharda birinchi ovoz bergan, — dedi davradagilardan biri. — Nima boʻlsa Tolibjon javobgar.

Askiyaga suyagi yoʻq yigitlar Tolibjonni bir-bir «olishgach», Elchin yana boshlab qoʻygan gapiga qaytdi.
— Turklar tinchmi?

Kutilmagan bu savoldan hamma bir-biriga qarab oldi.
— Turklarga nima boʻlibdi, — dedi Tolibjon ajablanib. — Bir gap bormi?
— Har xil mishmishlarni eshityapmiz.
— Bu mishmishlar yetib kelmadi bizga. Bir gap bor boʻlsa eshitardim. Qoʻshnim turk. Kunda boʻlmasa ham kun ora bir kosa ovqatni biz ularga ilinamiz, ertasiga ular bizga ilinishadi. Shavkat togʻa deganimiz meni «oʻgʻlim-oʻgʻlim», deb boshiga koʻtarguday qiladi. Bugun ertamatan chiqib ikkita qoʻyimning junini olib berdilar, deng. Agar ularga tegishli noxushroq gaplar boʻlsa, men eshitardim. Shavkat togʻa hamma dardlarini menga aytadilar.

Elchin oraga nooʻrinroq savol tashlaganini fahmlab, gapni teatrga burib yubordi.
— Bugun Vodilda kontsertimiz bor, aka, oshdan keyin joʻnaymiz. Biz bilan borib ikkitagina ashula qilib bersangiz, jannatni hadya etganday boʻlardingiz-da...

Elchin bu taklifga koʻndi. Uni tamoshaning ikkinchi boʻlimida chiqaradigan boʻlishdi. Tamoshaga toʻplanganlar Elchinning kelganini eshitgan, dam-badam «Elchin chiqsin!» deb hayqiriqlar eshitilib qolar, bu xitoblar unga dovruqli kunlarini esiga solib, yuragini hapriqtirar edi. Elchin torni sozlab turganida Tolibjon bashang kiyingan bir yigitni boshlab keldi. Elchin uning koʻzlarida tashvish uchquni koʻrdi.
— Ha, Tolibjon, bahay? — dedi hazil ohangida. Tolibjon javob berolmay, koʻzlarini olib qochdi. Uning oʻrniga yigit javob qaytardi:
— Men obkomdanman, mafkura boʻlimidan, — u shunday deb yon choʻntagidan qizil guvohnoma chiqardi.
— Qoʻyavering, ishondim, — dedi Elchin, guvohnomaga qaramay.
— Siz bugun sahnaga chiqa olmaysiz.
— Nimaga endi?
— Kontsert — mafkuraviy tadbir. Repertuarini obkom tasdiqlagan. Siz nima aytasiz, biz bilmaymiz. Madaniyat ministrligidan ruxsatingiz boʻlishi shart.
— Jon aka, bu kishini biz taklif qilganmiz. Oʻzlaricha kelganlari yoʻq, — dedi Tolibjon boʻgʻilib. Elchin bu masalada ancha gap-soʻz boʻlganini anglab, jilmaydi:
— Tolibjon, akangizni qiynamang.
— Ha, ana, tushunar ekansiz-ku! Men bularga tushuntiraman, deb jigarim qon boʻlib ketdi. Oʻtgan hafta Dadaxon deganlari kelib «qoʻzgʻaling», degan ashula aytibdi. Partbiletimni qoʻyishga sal qoldi.
— Tashvishlanmang. Aytmasam aytmabman-da. Sibirning sovugʻida tomoqni oldirib qoʻyganman. Ilgarigi ovoz yoʻq. Qamalganimni eshitgansiz, a? — dedi Elchin, obkom vakiliga sinovchan tikilib.
— Ha... yoʻq... shunaqamidi? — dedi yigit. Keyin Tolibjonga oʻgirildi. — Men joyimda boʻlaman.

U nari ketishi bilan Tolibjon boʻralab soʻkdi.
— Kimdir chaqibdi. Darrov yetib kelibdi-ya! Oʻzini goʻllikka solishini qarang... Bilmasmish... Aka, uzr, endi...

Elchin bagʻrida gʻazab oʻti alanga olayotganini yashirib, hazin jilmaydi-da, uning yelkasiga qoʻlini qoʻydi.
— Uning joyi qaerda ekan?
— Birinchi qatorda. Qoqqan qoziqdek oʻtiradi.
— Siz xijolat chekmang, Tolibjon. Agar xoʻp desangiz, bir ish qilamiz. Bu nusxa kontsertda chiqmasin, dedi-a? Men tanaffusda ikkita ashula aytib beraman. Siz tanaffus e’lon qiling-u, darrov pardani yopmang. Chiqqanimdan keyin yopasiz. Xiralik qilsa, men bilmadim, deb turavering.

Tolibjon picha oʻylangach, tavakkal, deganday qoʻl siltadi.
— «Paxta raqsi»dan soʻng tayyor turing.

Tanaffus e’lon qilinib, besh-oʻn odam oʻrnidan qoʻzgʻolishga ulgurmay, sahnaga Elchin chiqib keldi. Uni taniganlar birdaniga qiyqirib, hushtak chalib yuborishdi. Shu zahoti shoshqich ravishda parda yopilib, Elchin sahna chekkasida tamoshabinlar bilan yuzma-yuz qoldi. Oʻrinlaridan turganlar «tanaffus e’lon qilinishi hazil ekan-da», degan xayolda qayta oʻtirdilar. Birinchi qatordagi obkom vakili esa shart turib, sahna ortiga olib boruvchi zina tomon yurdi.

Muxlislar hayajoni tingach, Elchin yengil ta’zim qilib, soʻz boshladi:
— Meni unutmaganingiz uchun qulluq, azizlarim. Urushdan oldin Yusufjon qiziqqa «siz ramkadan chiqib ketyapsiz», deb tanbeh berishgan ekan. Shundan soʻng usta keyingi tomosha paytida boʻyinlariga bir rasmning ramkasini solib chiqibdilar. «Menga shunday deyishgan edi, endi ramkadan chiqmay gapiraman», debdilar. — Oʻtirganlar kulib, qarsak chalishgach, Elchin oʻzini yengil sezdi. — Men bu tomoshaga mehmonman. Shu sababli tanaffus paytida ramkadan chiqmay ikkitagina ashula qilib beraman. Bu ashulalar Vatandan uzoqda, ozodlikni qoʻmsab yurgan paytlarda tugʻilgan. Men haqimda siz turli gap-soʻz eshitgansiz. Gapning toʻgʻrisi shuki, gunohim uchun jazolashgan. Haqli jazoni oʻtab, huzuringizga qaytdim.

Elchin torning sozini bir tekshirib olgach, titroq ohang yangradi. Yakka torda, gʻijjaksiz, doirasiz qoʻshiq aytish rasmdan chiqqani uchun avvaliga muxlislar bir garangsib olishdi. Elektrga ulangan Ovrupo cholgʻu asboblarining shovqiniga koʻnika boshlagan quloqlarga torning ingrashi gʻalati tuyuldi. Soʻng... Elchinning boʻgʻiq, dardli ovozi taraldi...

Oʻksir koʻngil qushi —
Tushdi qafasga.
Sira yetolmaydir
Erkin nafasga
Qaro kunlar tushdi mening boshimga...

Toʻplanganlar qoʻshiqni nafas yutib tinglashayotganda birdan mikrofon uzib qoʻyildi. Elchin buning sababini darhol angladi-da, ovozini biroz koʻtarib, qoʻshiqni davom ettiraverdi. Orqaroqdagi muxlislarga ovoz yetib bormay betoqat boʻlib hushtak chala boshlashdi. Elchin «tinchlaning», deganday qoʻl koʻtardi-da, pastga tushdi. U keng davra oʻrtasida turganday ashulasini davom ettirdi.

Ey! Sen meni haqir koʻrgan, tuban degan afandi!
Ey! Ustimda bir umrga xoʻja boʻlmoq istagan.
Ey! Boʻynimga kishan solib, halokatga sudragan,
Koʻzlaringni zaharlatib oʻynatmagil, bas endi!

Qoʻshiq shu yerga kelganida sahnaga bir yigit chiqib mikrofonga yaqinlashdi-da:
— Elchin aka, bu yoqqa chiqing, chiroqni uladik, — dedi uzrli ohangda.

Elchin torni chalishni toʻxtatmay, sahnaga qaytdi.

Kishanlaring zang bosgandir, sergak boʻlkim, uzilur,

Tomirida qoʻzgʻalishning vahshiy qoni gupirdi.

Eski fikr, an’analar endi butkul uzildi.

Yo bitarman, yoki sening saltanating buzilur!

Elchinni avval bilganlar ham, bilmaganlar ham qoʻshiqlarni hayrat bilan tinglar edilar. Ilgari yor vaslini kuylashdan boshqasini bilmagan bu xushovoz hofiz ularga butunlay oʻzga koʻrinishda koʻrinmoqda edi. Bir juft qoʻshiq ikki-uch juft boʻldi hamki, muxlislar uni qoʻyib yuborishmadi. Qoʻshiqdan qoʻshiqqa oʻtgani sayin Elchinning oʻziga nisbatan ishonchi orta bordi. Hosilboyvachcha xorlaganidan beri koʻngli choʻkib yurgan edi. Bu izdihomda onadan qayta tugʻilganday boʻldi.

XXIV bob

1

Sharif Namozov shahar markazidagi uch qavatli qadimgi bino yertoʻlasida shunday saroy joylashganini yetti uxlab tushida koʻrmagan edi. «Asadbek idorasida kutib oʻtiribdi», degan xabar kelganida idora deganning shunday hashamdor boʻlishini oʻylamagandi. Shu paytgacha bunaqa odamlar pinhona ish yuritishadi, degan fikrda edi. Shunday saroymonand joyda oʻtirishibdimi, demak, oʻzlariga ishonishadi. Davlat ham ayshingni suraver, deb ularga qoʻyib beribdimi, demak, hazillashib boʻlmaydi.

Kesakpolvon Sharif Namozovni qanday kutib olish xususida Boʻtqaga aniq koʻrsatma bergan edi. Boʻtqa xoʻjayinning topshirigʻini a’lo darajada oʻrinlatdi: Namozov ostonada koʻrinishi bilan peshvoz chiqib, salom berdi:
— Bek akam hozir boʻshab qoladilar, okaxon, ungacha bir piyola choyimiz bor.

Sharif Namozov Boʻtqaning izidan yurib, shinam bir xonaga kirdi. Mehmon oʻrnashib oʻtirib olgach, kaftdek qutichani qoʻliga olib, televizor tomon toʻgʻrilab tugmachani bosgan edi, ekran yorishdi.
— Siz bahuzur oʻtira turing, — dedi Boʻtqa unga iltifot koʻrsatib.

Televizorda xorijning tamoshasi koʻrsatilayotgan edi. Namozov shunday behayo tamoshalar mavjudligini eshitgandi-yu, ammo koʻrishga ishtiyoqi ham, vaqti ham yoʻq edi. Hozir qaramay desa ham, koʻzi tamoshaga tortib ketaverdi. Shu zaylda xonaga doʻndiq bir qiz kirib kelganini sezmay qoldi. Kalta koʻylakli doʻndiq qoʻlidagi patnisni kursiga qoʻyib, nozli jilmayib qoʻydi.
— Qahva olib keldim, — dedi-da televizorga qarab oldi. Soʻng devon yonboshidagi kursida turgan shishani olib ikkita billur qadahga konyak quyib birini Sharifga uzatdi-da, oʻzi ikkinchisini olib, pastga gilam ustiga oʻtirdi.
— Oling, — dedi ishva bilan.

Sharif tush koʻryaptimi yo kino tamosha qilyaptimi, bilmay garang boʻldi. Uning gangib qolganini sezgan doʻndiq tirsagini tizzasiga qoʻyib yana nozlandi. Sharifning koʻzi yarim ochiq koʻkrakning ariqchasiga tushib, yuragi entikib ketdi. Konyakni ichib yuborganini oʻzi ham bilmay qoldi. Doʻndiq qadahni bir xoʻplab, kursi ustiga qoʻydi-da, Sharifning tizzasini quchoqladi. Sharifning ehtirosi jilovini uzib, qoʻllari oʻziga boʻysinmay qoldi. Bu dunyoda shunday maishat borligiga endi ishona boshlaganida eshik ochilib, Boʻtqa kirib keldi. Sharif uni koʻrib choʻchib tushdi. Boʻtqa esa hech nima koʻrmaganday, xotirjam ohangda:
— Bek akam kutyaptilar, — dedi.

2

Kesakpolvon Sharif Namozovning shu yerda ekani, Boʻtqaga topshirgan vazifasi haqida gapirgach, Asadbek uni jerkib berdi:
— Bu qiligʻingni boshqa yerda qilmaysanmi?
— Kimligimizni bilib qoʻysin. Hayot qanaqaligini bi-ir koʻrsin. «Haqiqat, haqiqat!» deb nima koʻribdi. Ana endi bugundan boshlab bor haqiqatga tupuradi. Oʻzimizning odamga aylanadi. Haqiqat deganning yarmiga amal berib, «Volga»ga oʻtqazib qoʻy, yarmining qoʻyniga bittadan jononni solib qoʻysang, kimligini bilasan. Bugun uni maishatga olib qolaman.
— Haddingdan oshma. Chaqir uni, — dedi Asadbek.

Sharif bu xonaga yuragi dukuri bosilmagan holda kirib keldi. Asadbek oʻrnidan turmay, oʻtirgan yerida unga qoʻl uzatdi. Asadbekning qarashi jiddiy, Kesakpolvon esa ayyorona jilmayib boqib turardi. Chuvrindi unga e’tibor bermay, qandaydir qogʻozlardagi yozuvlarni diqqat bilan oʻqirdi.
— Ishlar qalay, oʻrtoq direktor? — dedi Asadbek, kinoya bilan. — Planlar oshigʻi bilan ado etilyaptimi?
— Ha, bajarmasak boʻladimi?
— Bu akangiz aytmaganmidi? — Asadbek shunday deb Kesakpolvonga qaradi.
— Aytgandilar.
— Xoʻsh? Nima uchun planni bajaraman, deb zoʻr beryapsiz?
— Yuqoridagilar qoʻyishmayapti.
— Siz uchun yuqori biz boʻlamiz. Biz aytdikmi, tamom! Bajarishga majbursiz. Sizga kim buyruq berdi, ministrmi?
— Yoʻq, Farhodov degani...

Asadbek Kesakpolvonga qaradi:
— Haydar, bilarmiding?
— Yoʻq, hozir...— Kesakpolvon shunday deb telefon goʻshagini oldi-da, kerakli raqamini terdi.
— Farhodovmi? Ha, men, Haydar akangman. Namozoving nima deyapti? Planni bajarasan, deb sen zoʻrlaganmishsan-ku? Majlisda aytdingmi? Unga tegishli emasmi? Shuni sekin oʻziga aytib qoʻysang oʻlasanmi, he soʻtak. Ha, aytish kerak, qozoqning toʻqqiz pulidek tushuntirib, beliga tugib ham qoʻyish kerak. Duoyi salomni oldingmi, endi oʻchir ovozingni...

Kesakpolvon goʻshakni joyiga qoʻyib, Sharifga qaradi:
— Eshitdingizmi? Direktor degan bunaqa lalaymaydi.
— Bu oy yetmishdan oshmasin, — dedi Asadbek. — Keyingi oylarda ishchilar maosh olmaydi. Kerakli odamlarga pul-mul berib turing. Boshqalar boʻshab ketaversin.
— Buning iloji yoʻq, bankda zavodning puli koʻp.
— Koʻp boʻlsa ham maosh yoʻq, — dedi Kesakpolvon tahdid ohangida. — Lalaymang, dedim-ku?
— Portugaliyadan javob yoʻqmi hali ham? — dedi Asadbek, birinchi masala hal, degan ohangda.
— Jimjit boʻlib ketishdi.
— Borib kelish kerak. Ularga yoqmasa boshqalar bilan gaplashamiz.
— Borish uchun ular chaqirishlari kerak. Dollar kerak.

Bu gapdan soʻng Chuvrindi qogʻozdan bosh koʻtardi:
— Bu yogʻini bizga qoʻyib bering.

Asadbek «gap tamom» deganday oʻrnidan turdi. «Shu ikki ogʻiz gapni telefonda aytib qoʻyishsa ham boʻlardi-ku», deb oʻyladi Sharif, eshik sari yurib.
— Meni kutib turing, gap bor, — dedi Kesakpolvon.
— Jamshid qaerda? — dedi Asadbek, Sharif chiqib ketgach.
— Ertalabdan beri koʻrganim yoʻq. Maishat qilib yotgandir, — dedi Kesakpolvon. — Yangisini topgan ekan, oʻsha bilan ovora.
— Maishat, deyaverib hammani buzding. Endi bichib qoʻyishim qoldi.
— Erkaklar bilan ishlagandan keyin chidaysan, oshna. Yosh yigitlar vaqtida maishatini qilib olsin. Vaqtida oʻzing ham...
— Boʻldi, aynima. Jamshidni top. Bugun Maskovga uchsin.
— Nimaga?
— Xongirey bilan uchrashib kelsin. — Asadbek shunday deb Zelixon bilan ikki kun avval boʻlgan uchrashuv mazmunini aytdi.
— Jamshidni yubormang, — dedi Chuvrindi. — Oʻzingiz borib kelganingiz ma’qul. Ish jiddiyga oʻxshaydi.
— Jamshidni top, birga boramiz.

3

Qiziga qarab turib, Manzuraning koʻngli oʻksidi. Zaynab turmushidan nolib, hasrat qilmadi. Biroq koʻzlarini shodlik uchqunlari tark etgani onaning ziyrak nazaridan chetda qolmadi. Zaynab singari kelinchaklar bunaqa damlarda yayrab-yashnab yuradilar. Yuzlariga tushgan dogʻ, barmoqlarining toʻlishib, uzuklarning sigʻmay qolishi ular husniga husn qoʻshadi. Zaynab esa xuddi soʻliyotgan gulga oʻxshaydi. Onasiga dilini yormaydi. Manzura uning dardli nigohiga qarab turib, ichida «qiz tugʻmayin men oʻlay», deb qoʻyadi. Yotarida ham, turarida ham, duo qilsa Yaratgandan qiziga baxt tilaydi.

Xudoga shukr qilishi kerak, kuyovi beoʻxshov emas. Yoshi kattaroq boʻlsa ham xushroʻygina. Zaynabi qaynonaning tergab-tergashlari-yu, qayin egachi, qayin singillarning dimoq-firoqlaridan holi. Bir juvonning baxtli turmushi uchun hamma narsa yetarli. Lekin baxt faqat yemoq-ichmoqdan iborat emasligini u ham yaxshi biladi. Asadbek bilan turmush qurib och, yalangʻoch qolmadi. Eri ichib kelib, uni doʻpposlamadi, koʻchaga haydab chiqarmadi. Birin-ketin bolalar tugʻilishdi. U erining «qimor oʻynamayman», degan soʻziga ishona bordi. Eri kech qolsa joynamoz ustida kutmaydigan boʻldi. Uyda hamma narsa toʻkin edi. Ammo unga nimadir yetishmayotganday boʻlaverardi. Baxtsizlik faqatgina kambagʻalni ta’qib etmaydi. Boylar baxtsizlikni oʻzlari sezmagan holda chaqirib oladilar. Kambagʻal baxtsizlikdan koʻpam kuymaydi, unga koʻnikib qolgan. Ammo boylarning baxtsizlikka chidashlari qiyin. Kambagʻal uchun arzimas bir gap boʻlib koʻringan har bir narsa boylar uchun beqiyos baxtsizlikday tuyuladi...

«Qizimning eriga koʻngli yoʻq, — deb oʻyladi Manzura. — Farzand koʻrsa balki dili yumshar... Hozirgi qizlarda sabr degan narsa yoʻq, tavba...»

Qizi oʻqishga bormayotganini aytganida Manzura «oʻzing bilasan», deb qoʻygan edi. Bugun kelib indamay oʻtiraverishini koʻrgach, «oʻqishingga borganing durust ekan, qizim, dugonalaringni koʻrib koʻngling yoziladi», dedi. Zaynab bu gapni eshitmaganday javob qaytarmadi. Ayvonning oʻymakor ustuniga suyanib, hovliga oʻychan tikilib turaverdi.

Zaynab shu hovlida Kumush boʻlib yashagan edi, xayolidagi Otabegi uni shu hovlida quchgan, yonogʻidan boʻsa olgan edi... Endi nazarida bu hovlidan nur qochgan, gʻunchalari toʻlib erta-indin koʻz ochaman, deb turgan atirgullar ham xunuk, marmar favvora ham oʻlik... Quyosh bor-u, fayz yoʻq, xonadon qorongʻu. Xonalarda hayot kezib yuribdi, ammo baxt yoʻq...

Faqat boloxona... Baxt oʻsha yerda berkinganmi?.. Uning koʻngil qoʻygani oʻsha yerda. Orzulari dafn etilgan bu xonadonga faqatgina uni koʻrgani keladi. Koʻrish nasib etsa, koʻngli battar ezilib, uyiga qaytadi. Homiladorligini bilganidan beri eri uni boshida koʻtarib yurguday boʻladi. Elchin uni suyib-quchgani sayin u Jamshidni koʻproq oʻylaydi. Yolgʻiz qolganida toʻlishib borayotgan qorniga qarab, hali tugʻilmagan boladan nafratlanadi. Nazarida uni baxtsiz qilgan, umidlarini chil-chil sindirgan — shu bola. Xayriyatki, nafrat qoʻzigan paytda onalik mehri ham uygʻonib, uni yomon xayollardan qaytaradi.

Manzura qizidan koʻz uzmay, xoʻrsindi.
— Yotib qola qol, qizim, — dedi oʻksik ovozda.

Zaynab onasining dili pora-pora boʻlib ketayotganini sezmadi. Hovli uzra bemaqsad kezib yurgan nigohini yigʻib, unga qaradi.
— Buguncha qola qol, — deb takrorladi Manzura.
— Yoʻq, ketaman, — u shunday deb hovliga tushdi. Chiqib ketgunicha boloxonaga ikki-uch qarab qoʻyganini Manzura sezdi.

Zaynab uyiga qaytdi-yu, bepoyon sahroda yolgʻiz tashlab ketilgan bechora holiga tushdi.

Kunni erinchoqlik bilan oʻtkazgan quyosh endi ufqdagi bulutlar chetini qizartirib botmoqda edi. Osmonni bezagan bu manzara aldamchi, bulut chetlari qizil esa-da, bagʻri qora edi.

Hayot ostonada kutmaydi. Quyosh botishi bilan bu bagʻri qora bulutlar chaqin chaqib, bostirib keladi. Dov-daraxtni savalab oʻtib ketgach, yulduzlar charaqlaydi. Soʻng yana quyosh chiqadi. Barglarda ilinib qolgan tomchilar javhar singari yaltillaydi. Ammo Zaynabning xufton dili bundan yorisharmikin? Ayriliq dardi yengilib, umid guli ochilarmikin?

Quyosh botmay turib, koʻz oʻngida borliq xira tortdi.

Yolgʻiz... Nido yoʻq... Goʻyo quyosh barchani oʻlimga mahkum etib, vidolashib ketayotganday. Tor koʻkragiga bandi yuragi behalovat tepadi. Tepib-tepib koʻkrak qafasini sindirib qochib ketgisi keladi. Bu vujudini tark etmoqni istaydi. Tark etolsa oʻtli hasratlarning figʻonlari mangulikning sukutiga gʻarq boʻla olarmikin?

Bu xonadonga qadam bosib kelganidan beri uning hayoti puch xayollar zindoniga berkildi. Berkildi-yu, qulf-kaliti birovning qoʻlida qoldi. Topishgan taqdirlarida toʻlin oy va osmon singari boʻlar edilar. Endi osmon toʻlin oysiz tund boʻlib olgan. Dil qorongʻi. Dil ogʻriydi. Koʻz yoshi xuddi yomgʻir... Koʻzlarni yosh kuydiradi...

Uning dardiga kim sherik boʻlishi mumkin?

Zaynab bu tun yolgʻiz qolishini, yolgʻizlikning temir tirnoqlari orasida azob chekishini bilardi. Elchin «bir-ikki kun uyingizda turing», deb ketdi. Shu gapga binoan uyga borgan edi. U yerga ham sigʻmadi. Yolgʻizlikdan qoʻrqqani holda yolgʻizlikni istadi. Hozir esa qayoqqadir borgisi keldi. Kim bilandir gaplashgisi keldi. Tanish-bilishlari koʻp. Ostona hatlab kirib borguday boʻlsa, quchoq ochib kutib olguchi yaqinlari koʻp. Ammo qay biri uning dardini tushunadi? Qay biri «qoʻy, oʻsha otarchi erni, suyganing bilan boʻl», deydi. Hech kim aytmaydi. Aksincha, «Sabr qil, shayton yoʻliga kirma», deyishadi. Nasihat qilishadi. «Kimga hasratingni aytsang, dardingni olish oʻrniga, birdaniga donishmandga aylanadiyu bisotidagi nasihatlarini sochib tashlaydi, — deb oʻyladi Zaynab. — Nasihatgoʻy aqli butunlar muncha koʻp boʻlmasa, bu dunyoda. Dardkash muncha kam...»

Zaynab oʻzini oʻzi chalgʻitish uchun oshxonaga kirdi. Bir oʻzi uchun ovqat qilgʻisi kelmay, hovliga chiqdi. Darvozaga qaradi. Eshik qiya ochiq. Kimdir kirib kelganday... Kim keldi?

Uyga kirdi. Televizorni yoqdi. Yumshoq oʻrindiqqa oʻtirdi. Umid bilan avval darvozaga, keyin telefonga qaradi. Nima uchun uyiga qaytganining sababini u hatto oʻzidan ham yashirmoqchi boʻladi.

Yolgʻizligida bir martagina koʻcha eshigi ochilib, U kirib keldi. Shundan beri necha marta koʻz tikadi. Kutgani kelmaydi. Bu kech kelarmikin? Uning ilinji shu.
— «Oʻzicha kelmaydi, bir bahona bilan chaqir».
— «Sharmanda... Sharmanda...»
— «Yoshlik va gul... Ikkovining umri qisqa boʻladi. Buni bilganlar yurishibdi yallo qilib. Sen-chi?»
— «Sharmanda... Sharmanda...»
— «Mening erim bormi? Kim u? Nomusimni bulgʻagan odammi? Agar endi men unga xiyonat qilsam, uning nomusi bulgʻanadimi? Falonchining xotini...»
— «Voy, sharmanda... voy, sharmanda-e...»
— «Men uning nomusini oʻz koʻz oʻngida bulgʻayman, deb qasam ichganman. Xudo uni shol qilib qoʻysin. Ana oʻshanda koʻchadagi daydi itni boʻlsa ham boshlab kelaman, koʻz oldida...»

Zaynab shu qasamini eslasa rostdan ham umidi ushalganday etlari jimirlashib ketadi. «Shu ish qoʻlimdan kelarmikin?» deb ikkilanadi.

Ayol qasam ichmasin. Qasd qildimi, shayton toʻriga oʻraladiyu oqibatda unga Xudo ham bas kelolmas.
— «Chaqir uni...»
— «Nima deb chaqiraman?»
— «Bahona top».
— «Uyalaman».
— «Birpas gaplashib oʻtirish mumkin-ku? Masalan... Aka-singil singari. Uni chaqir, sen yolgʻizsan. Seni qoʻriqlashi lozimmasmi?»

Shu tarzdagi uzoq olishuvdan soʻng uning qoʻli telefon sari uzatildi.

4

Jamshid koʻngliga yoqqan juvon bilan bir kecha-kunduz qolib ketdi. U jannat hurlari bilan yashayotganiday lazzat qilib, Bek akasining yoʻqlab qolishi mumkinligini ham unutdi.

Asadbek yoʻqlatgan paytda u oʻynashini tark etib, yoʻlda kelayotgan edi. Boloxonaga chiqishi bilan yigitlar xoʻjayin yoʻqlaganini aytishdi. Shu paytda telefon jiringladi. Jamshid «Bek akamdir», deb goʻshakni koʻtardi. Qoʻngʻiroq qilgan odam darrov gapira qolmadi. Jamshid uchinchi-toʻrtinchi marta «allo!» degach, Zaynabning hazin ovozi eshitildi:
— Zaynabman... Hovlida birov yuribdi. Qoʻrqyapman...

Jamshidning shoshilib oʻrnidan turishi uchun shu xabar kifoya edi. Keyin aytilgan gaplarning magʻzini u yoʻlda ketaturib chaqmoqchi boʻldi. «Koʻcha eshigi ochiq turibdi... Moshinangizni katta koʻchaga qoʻyib keling...» Bu gaplarga tushunish unchalik qiyin boʻlmasa-da, Jamshid haq javobni olishni istamadi.

U Zaynabning qarashlaridagi sirni bilmas edi, desak, sizni aldagan boʻlamiz. Ayol zotining qarashlarini tushunmaydigan erkak bormi oʻzi bu dunyoda. Jamshid qamoqdan chiqqanidan beri ayol zotining turli toifasini koʻrdi. Ularni koʻzlariga qarab, chindan suyib erkalayaptimi yo ersirab qolganmi, yo dardi pulmi, darrov bilib oladi. Zaynabning qarashlari esa... boshqacha edi. Zaynabning muhabbatini tili tish hatlab oshkor eta olmasdi, biroq koʻzlari «sevaman!» deb dod solardi. Jamshid bu dodni koʻzi bilan koʻrib, yuragi bilan eshitardi. Ammo bu faryod uning qalbini larzaga solmasdi. Chunki uning yuragidagi muhabbat tuygʻusini oʻsmirlik chogʻidagi ayolning oʻsha nayrangi boʻgʻib oʻldirgan edi.

U Bek akasiga sodiq edi. Bek akasi uchun, xususan, shu qiz uchun joni lozim boʻlsa, berardi. Ammo qizning bu sirli qarashiga bandi boʻla olmasdi.

Shahar koʻchalaridan mashinani uchirib haydab «balki bormaganim ma’quldir. Hali ham qaytib, Ravshanni yuboraymi» deb ham oʻyladi. «Eri qayoqda ekan? Balki borgunimcha kelib qolar...» degan fikrda iziga qaytmadi. Elchinning Fargʻonaga ketganini bilganida balki qaytar, shu bilan tashvishlardan qutulib qolarmidi...

5

Asadbek, Sharif Namozov chiqib ketgach, uyiga qaytmoqchi edi. Chuvrindi eski mahalladagi «amri ma’ruf»ga taklif etilganlarini eslatgach, noiloj koʻndi. Jalil boshlab kelgan chollar «mahallani buzdirishga yoʻl qoʻymayotgan emishsan», deb ketishganidan beri eski mahallasiga oʻtmagan edi. «Bormasam arazlabdi, deyishmasin», degan fikrda yoʻlga chiqdi.

Bolaligi oʻtgan uydan ikki eshik narida odamlar toʻplanib turishgan edi. Mashinani beriroqda toʻxtatib, tushishlari bilan toʻpdan bir kishi ajralib, ular tomon yurdi. Asadbek Jalilni tanidi.
— Qarab tur, hozir sasishni boshlaydi, — dedi Chuvrindiga.
— Xoʻp deyaverasiz-da, — dedi Chuvrindi kulimsirab.
— Bu mahallada ham odamlar turishini bilarmiding? — dedi Jalil salom-alik qilmay. — Kuttirish ham evi bilan-da. Besh yarimga kel, degandan keyin kel-da. Omonmisan oʻzing ishqilib?
— Aka, xizmatchilik-da, ish chiqib qoldi, — dedi Chuvrindi, Asadbek oʻrniga javob berib.
— Yaxshi hamki «ish-sh-sh» deydi. «Xih!» desa dumingni tutqazmas ekansan-da, a? — dedi Jalil, gapni hazilga burib. — Yuraqol, Sobitxon ma’ruza qilyapti. Qoʻqonga ketishi kerak ekan, zoʻrlab olib qoldik.
— Qoʻqonda nima qilar ekan? — dedi Asadbek.
— Ota-onasi hozir oʻsha yerda turarkan. Otpuskaga chiqibdi. Bir oy uyida turar ekan.
— Imomlar ham otpuska qilar ekanmi? — deb kuldi Asadbek.

Asadbek hovliga oʻrnatilgan tovush kuchaytirgichdan kelayotgan mayin ovoz egasini Jalil aytmayoq tanigan edi. Asadbekni voiz oʻtirgan uyga emas, «nozik odamlar» uchun ajratilgan xonaga boshlashdi. Jalil bilan Chuvrindi unga hamroh boʻlishdi.
— Zoʻr gapiradi-da, — dedi Jalil, choy qaytarib.

Sobitxonning ma’ruzasini Asadbek ikki-uch eshitgan, taklifini rad etgani uchun uni yomon koʻrib qolgan boʻlsa-da, nutq soʻzlashiga tan bergan edi. Shu sababli hozir Jalilga e’tibor bermay, qorining soʻzlariga quloq tutdi:
— Shunday qilib, hazrat Ali, Roziyallohu anhu, qilich ham taqmay, sovut ham kiymay, oddiy kiyimda Zubayr tomon yurdilar. Borib qarasalarki, Talxa hazratlari ham mukammal qurollangan hollarida tayyor turibdilar ekan. Har ikkilarining yaqinlariga borib, ularga qarab: «Umrimga qasamki, sizlar odamlarni, otlarni jangga tayyor holga keltirib qoʻyibsizlar. Biroq, qiyomat kuni Olloh tabaroka va taolo huzuriga borganingizda unga aytadigan uzrlaringizni ham tayyorlab qoʻydingizmi? — dedilar. Soʻng ularni shayton yoʻlidan qaytarmakni istab yana shu gaplarni aytdilar: — Ollohdan qoʻrqinglar, bunday bema’ni urushga bel bogʻlashdan tiyilinglar. Oʻzi avvalda mahkam etgan arqonni oʻzi chuvalab tashlaydigan kimsa kabi boʻlmanglar. Buyuk islom jamoatini barpo etishda benihoya xizmat etgan edingiz. Endilikda uni parchalab tashlovchi kishilardan boʻlib qolmangiz. Sizlarning bu ishingiz Islom jamiyatini qiyomatga qadar birlasha olmaslik fitnasiga giriftor etmasun, oʻzimizdagi ichki adovatga barham bermasak, tashqi dushmanlar bizni tezda magʻlub etajak. Biz mana shunday magʻlubiyat alamiga uchramasligimiz darkor. Biz ichki tortishuvlarni hal etmay, oʻzaro birodarkushlik olovini yoqib yuborsak, kelajak avlodlarimiz uchun gʻoyatda ulugʻ xiyonat qilgan boʻlamiz. Kuch faqat birlikdadir. Qaysi millat birligini yoʻqotsa, oʻsha millat kelajagi uchun qaygʻurmagan, oʻziga halokatni lozim etib olgan boʻladi. Oradagi ixtilofni Ollohning ulugʻ kitobiga hamda Ollohning muborak paygʻambarining koʻrsatgan yoʻllariga amal qilgan holda bartaraf etmogʻimiz darkor...»

Sobitxon muloyim ovozi bilan barchaning xayolini oʻgʻirlagan edi. Xizmatchilar sharpasiz yurishga urinadilar. Zarur gapi borlar bir-birlari bilan pichirlashib muomala qiladilar. Asadbek Sobitxonning shu fazilati uchun oʻzi qurdirayotgan masjidga imom boʻlishini istagan edi. Bu «manman qori» esa rad etdi. Asadbek faqatgina imomning shirali ovoziga mahliyo boʻlmay, aytayotgan gaplarining mazmunidan mast ham edi. Xuddi birov kelishidan avval imomga «Asadbekning yuragida shunday yashirin dard bor», deganu Sobitxon atayin shu mavzuda ma’ruza boshlagan. Suhbat nihoyasiga yetgandan soʻng ham izdihom ahli voizning soʻzlari ta’sirida bir oz jim oʻltirdi. Asadbek sovub qolgan choyiga qarab oʻyga botdi. «Birligini yoʻqotgan millat kelajagi uchun qaygʻurmagan boʻladi... Biz-ku, birlasha olmaymiz. Siyosatchilarga nima balo boʻlgan? Biz pul talashamiz. Dardimiz ham, imonimiz ham pul. Ularning imoni — amal. Haydarning gapi toʻgʻri. Haqiqat, millat, deb valdirayotgan xunasalarga bittadan «Volga» berilsa ovozi oʻchadi. Bittasi oʻzimizning deputatmi...»
— Choyingni yangilab beray, — dedi Jalil, Asadbekning xayolini toʻzitib. — Vaqtliroq kelganingda zoʻr gaplarni eshitarding. Endi hammaning Xudo deydigan vaqti kelibdi, oshnam.
— Vaqt oʻtdi, desang-chi... Biz-ku, Xudo dermiz-a, lekin... Xudo endi bizni bandam dermikin?
— Deydi, nimaga demas ekan? Besh vaqt namoz oʻqiganning hamma gunohidan kecharkan.
— Besh vaqt namoz yetarli boʻlsa zoʻr-ku? — Asadbek shunday deb hazin jilmaydi. — Sobitxonning gapiga qaraganda menga oʻxshaganlar kuniga ellik mahal namoz oʻqisa ham gunohini yuvishga kifoya qilmaskan.
— Qanaqa gunohing borligini bilasanmi? — Jalil «shu gaplarnigni dildan chiqarib aytyapsanmi?» deganday unga tikildi.

Ketma-ket ovqat kiritilaverib suhbatning beliga tepdi. Hozirgina mazmunli ma’ruzaga mahliyo boʻlib oʻtirganlar bir necha nafas ichida qorin bandalariga aylandilar...

Asadbek uyiga xuftonga yaqin kirib keldi.
— Ertalabki samolyotda ketamiz, — dedi u hovliga kirib kelgach. — Chiqib soʻra-chi, Jamshidni topishibdimi?

Chuvrindi boloxonaga chiqib, dam oʻtmay qaytib tushdi.
— Kelgan ekan, Zaynab chaqiribdi.
— Nimaga chaqiribdi?
— Sababini bilishmaydi.
— Ketmay tur, — Asadbek shunday deb uy tomon tez-tez yurdi. Roʻparasidan chiqqan Manzuraning salomiga alik olmay, savolga tutdi. — Qizing qani?
— Uyida, — dedi Manzura, xavotirlanib. — Nimaga soʻrayapsiz? Hali kelib ketuvdi.
— Kuyoving yoʻqligini bilarmiding?
— Yoʻq... aytmadi-ku?
— He, noshud. — Asadbek shunday deyishga dediyu ketidan oʻzicha «men aytmagan boʻlsam, qaerdan bilsin», deb uni oqlab ham qoʻydi.

Jamshid Zaynabnikiga ketdi, deganda dastlab koʻngliga xavotir oralagan edi. Hozir kuyovi yoʻqligini eslaganida birdaniga shubha uygʻondi. Xotiniga boshqa gap aytmay, uyiga kirib, telefon goʻshagini koʻtardi-da, raqam terdi. Narigi tomondan anchagacha javob boʻlmadi. Goʻshakda eshitilayotgan uzun du-dudlash uni dam xavotir, dam shubha chohi sari tortardi. Nihoyat, javob boʻldi. Qizi yigʻlamsirab, ozgina zarda bilan «Ha» dedi. Asadbek gapirmay turaverdi.
— Ha, gapiring! — dedi Zaynab zarda bilan. Keyin goʻshak qoʻyildi.

Asadbek yana raqam terdi. Yana shu hol takrorlandi. U qiziga nima deyishni, shu topda nima qilishni bilmasdi. Miyasi qizib uni fikrlash quvvatidan mahrum etgan edi. U qayta-qayta raqam teraverdi. Beshinchi yo oltinchi martasida goʻshakni Jamshid oldi! Shundan keyingina Asadbek xayolini jamladi. Shoshilib hovliga chiqdi-da, sigaret chekib turgan Chuvrindiga qisqagina buyruq berdi:
— Ketdik!

Chuvrindi qayoqqa, deb soʻramadi.

Jamshidning mashinasini Elchinning uyi oldida emas, tor koʻcha burilishida koʻrgan Asadbek ajablanib «Toʻxta», dedi. Pastga tushib mashina atrofida bir aylanib chiqdi-da, Chuvrindiga «Sen shu yerda tur», deb, oʻzi kuyovining uyi tomon yurdi.

Koʻcha eshik qiya ochiq edi. Asadbek xuddi oʻgʻridek ichkariga bosh suqib chiroq nuri tushib turgan derazaga qaradi-da, oʻzidan oʻzi uyaldi. Yoshlik kezlari Kesakpolvon bilan birga oʻgʻrilikka borgudek boʻlsa ham bunaqa ishlarni Asadbek sira uddalay olmas edi. Hozir uni tashqaridan kuzatgan kishi oʻgʻrilik olamida atak-chechak qilayotgan bola boʻlsa kerak, deb oʻylashi mumkin edi.

Koʻnglida dastlab uygʻongan xavotir endi yoʻqolgan, aksincha shubha kuchga kirib sharmandalik sirtmogʻi bilan boʻynini boʻgʻa boshlagan edi. Qizi yoʻqolganida, soʻng topilganida, soʻng homiladorligi oshkor boʻlganida sharmandalik olovi uni kuydirmagan edi. U damda koʻproq oʻzini ayblagan edi. Qizining yuzini shuvit qilmaslik uchun shu otarchini kuyov qilib edi. Shu masalada yanglishdimi? Qizi shunchalik... Bu fikrning oʻziyoq yuragini muzlatib qoʻyganday boʻldi.

Shubhaga bandi boʻlgan holda iziga qaytishni istamadi. U oʻzini majburlab, hovliga kirdi. «Yomon niyati boʻlsa eshikni ochiq qoldirarmidi?» degan fikr koʻngliga sal yorugʻlik olib kirmoqchi boʻlganida «esidan chiqqandir...» degan gumon yana qora chodirga oʻradi. Asadbek asta yurib kelib derazaga yaqinlashdi. Boʻy choʻzib ichkariga qarashga yuragi dov bermadi. Ichkaridan dam Zaynabning, dam Jamshidning ovozi kelib turar, qoʻshqavat deraza oynaklari ichkaridagi gaplarni oʻgʻri mushukday poylab turgan odam qulogʻiga yetishiga yoʻl bermas edi. Deraza qiya ochiq boʻlganida balki olam guliston edi. Asadbek boʻy choʻzib moʻralamas, oʻzicha bir xulosaga kelib, mash’um hukmni chiqarmas edi.

U derazadan moʻralagan onda Jamshid oʻrnidan turdi. Zaynab esa uning boʻyniga osildi... Asadbek bu manzaraga qarab tura olmadi. U avvaliga bostirib kirmoqchi ham boʻldi. Ammo oʻz qizining sharmandaligini fosh etish uning uchun ogʻir edi. U sharmandalik yukini yelkasiga ortib, hovliga qanday sharpasiz kirgan boʻlsa, shunday chiqdi. Eshik ogʻzidan darrov uzoqlasha olmadi. Besh-oʻn qadamni yurak toʻlgʻogʻida bosdi. Soʻng bir qarorga kelib, tez-tez yurib ketdi.

Chuvrindi tor koʻchadan koʻz uzmay turgan edi. Asadbekning asta ichkari kirgani, bir necha daqiqadan soʻng chiqib, ogʻir qadamlar bilan yurganini ham koʻrdi. Bek akasi qadamini tezlatgach, mashina motorini oʻt oldirib, yurishga tayyor boʻlib turdi. Asadbek mashinaga oʻtirishi bilan «uyga» deb buyruq berdi. Chuvrindi noxush voqea yuz berganini sezdi-yu, biroq «nima gap ekan?» deb soʻramadi.

Asadbek hovliga kira solib, Manzurani chaqirdi:
— Qizingga telefon qil, tayyor tursin, borib olib kel, — dedi.
— Siz... bormadingizmi? — dedi Manzura oʻsmoqchilab.
— Men nima qilaman u yerda? Boshqa tashvishim yoʻqmi?! — dedi Asadbek, oʻdagʻaylab, Manzura shoshib chiqmoqchi boʻlganida toʻxtatdi: — Telefon qil, dedim.

Manzura «shartmi» deganday qarab qoʻydi-yu, ammo buyruqqa itoat etdi. Boshqa payt boʻlganida shart emasdi. Asadbek Jamshidning tezroq chiqib ketishini istab shunday deb buyurdi. Holbuki Jamshid u bilan izma-iz uydan chiqqan, Asadbek mashinaga yetay deganida orqasidan koʻrgan, «Bek akammi yo boshqa odammi?» deb tusmol qilgan edi.

Manzura bilan Chuvrindi ketgach, Asadbek boloxonaga chiqdi.
— Haydar akangni top. Narigi dunyoda boʻlsa ham hozir yetib kelsin.

Yarim soatdan soʻng hovlida Manzura ovozi eshitildi. Soʻng Chuvrindi boloxonaga chiqdi. Bir soat deganda Kesakpolvon paydo boʻldi. Asadbek ikki a’yonini boshlab pastga tushdi. Maydalab yomgʻir yogʻa boshlagan edi. Osmonga qarab, yuzini yomgʻirga tutdi.
— Haydar, Shilimshiq oʻldirilgan joy esingdami? — dedi osmonga qaragan holda.
— Esimda, — dedi Kesakpolvon.
— Qanday oʻldirilgani-chi?
— Esimda.
— Shu ishni takrorlash kerak, qoʻlingdan keladimi?
— Kimni?
— Ertalabgacha bajarasan. Kimligini aytganimda «nima uchun?» degan savol bermalaring. Kavkazliklaring tayyormi?
— Ha.
— Ikkala oʻlimni boʻyniga olsin.
— Kimni?
— Jamshidni...

Kesakpolvon hayratlanib Chuvrindiga qaradi. Chuvrindi hukmga nima sabab boʻlganini taxminan bilardi. Shu bois Kesakpolvonning savol nazariga javob bermay yuzini burdi. «Balki ablahlik qilgandir. Lekin dunyoda undan beshbattar ablahlar yashab yurganida u ham tirik qolsa boʻlardi», deb oʻyladi. Ammo fikrini tiliga chiqarib oshkor etmadi.

Yigitlar ichida sadoqati bilan ajralib turuvchi Jamshidning oʻlimga mahkum etilishini Kesakpolvon hazm qila olmadi. Bunaqa paytda qarorning muhokama etilishi man qilingan boʻlsa-da, soʻradi:
— Nimaga?
— Ishing boʻlmasin, aytdim-ku...
— Bek, ertalabgacha oʻyla.
— Ertalabgacha buyruqni bajar.

6

Jamshid tor koʻcha boshida ketayotgan odamni Asadbekka oʻxshatib, yuragi bir hapriqdi. Hayajonini bosish maqsadida choʻntagidan sigaret chiqarib chekdi. Shu payt hovli tomondan qadam tovushlari eshitildi. «Ergashib chiqyaptimi?» deb oʻylab orqasiga oʻgirildi. Eshik zichlab yopilib, kalit buraldi. «Bu yogʻi qiziq boʻldi-ku?» Jamshid shu fikrda darvozadan asta uzoqlashdi. Tor koʻcha boshiga yetganida orqasiga oʻgiril-di — koʻcha kimsasiz edi. Mashinasiga oʻtirib darhol yurgizmadi, oʻyga toldi.

U uchun Zaynabning ruhiy holati begona edi.

Zaynab qoʻngʻiroq qilib chaqirishga chaqirdi-yu, uyatdan yonib ketdi. Darrov hovliga chiqib koʻcha eshikni qulfladi. Bir necha nafasdan soʻng uyat alangasi pasayib, yana shayton yoʻrigʻiga kirib eshikni qiya ochib qoʻydi.

Jamshid odati boʻyicha indamay kirib keldi.
— Tinchlikmi? — dedi uyga kirib.
— Tinchlik... birov yurganga oʻxshadi, qoʻrqdim.
— Hofiz akam qaerdalar? Toʻyga ketdilarmi?
— Hofiz akangiz...— Zaynab «akangiz» degan soʻzga piching bilan urgʻu berganini oʻzi ham sezmay qoldi,— Fargʻonadagi toʻyga ketganlar.
— Kennayimni olib kelaymi yo oʻzingni olib ketaymi?

«Qani edi olib ketsangiz... uzoqlarga... faqat ikkalamiz yashaydigan joyga... Atrofimizda hech kim boʻlmasa...»
— Birpas oʻtiring, choy iching.
— Mayli, bir piyola ichay.

Jamshid oʻzini majburlab oʻtirdi. U Zaynabning asl maqsadini bilmas edi. Aniqroq aytilsa, gumonining haqiqatga aylanib qolishini istamadi. Bir piyola choyga ikkinchisi, uchinchisi... ulandi. Jamshid kamgap, koʻzlari ham xotirjam boqardi. Bu chiroyli koʻzlarda ishrat uchqunlari yonmas edi. Erkak tomon tashabbus koʻrsatmagandan soʻng ayol kishiga qiyin ekan. Zaynab — qizlik orzulari toptalgan ma’suma — iffatini oʻzi toptamoqqa ojizlik qilmoqda edi. «Olov temirni eritgani kabi oshiq yurak tafti tosh qalblarni eritgay», deyishardi. Nahot Jamshidning qalbi toshdan ham qattiqroq boʻlsa?..

«Ilon chaqsa menga uning zahri kor qilmaydi, ammo jonimning chiqishi uchun bir qiyo boqishing kifoya»... Qaysi bir kinoda yigit kuyib shunday ashula aytgan edi. Ajab, yigitlar qizlarning birgina qiyo boqishi uchun oʻlib-tiriladilar. Bu toshyurak esa... Yo bu «Yor azobi men uchun farogʻat», deydigan toifadanmi? Zaynab uni suhbatga qanday tortishni bilmay, xayoliga kelgan mayda-chuyda gaplarni qaytarmasdan aytaverdi.

Jamshid juvonning harakatini kuzatib, gaplarini eshitib, onda-sonda bir javob aytib oʻtiraverdi. Yaxshi hamki bu yerga kelishidan oldin bir kecha-kunduz aysh qildi. Yoʻqsa, shaytonga hay berolmay qolsami... «Oʻzingni bos... Sinayotgan boʻlsa-chi?.. Balki akasiday koʻrar meni... Ayol kishi chaqirsa maqsadi faqat... Shu boʻladimi?»
— Nima uchun meni shu odamga berishdi, bilasizmi? — Zaynab shunday deb qattiq tikildi. Shu paytgacha koʻzlarning toʻqnashuvidan choʻchiyotgan edi. Bu safar hech tap tortmay tikildi.

Jamshid darrov javob bermadi. Soʻng gapni hazilga burmoqchi boʻldi:
— Bek akam «nimaga?» degan savolni yomon koʻradilar. Akamga «xoʻp boʻladi» degan koʻproq yoqadi.

Bu hazildan Zaynabning zardasi qaynadi:
— Siz... qulmisiz?

Mazkur savoldan Jamshidning ham zardasi qaynadi. Ammo oʻzini majbur qilib kuldi:
— Qul emasman. Ishimiz shunaqa. Hamma «nimaga?» deb soʻrayversa, aql oʻrgataversa ish yurishmaydi.
— Adamdan soʻramagan boʻlsangiz, oʻzingizcha oʻylamadingizmi?
— Bu gaplarni qoʻzgʻama. Bek akam yanglishmaydilar.
— Ha... yanglishmaydilar... Meni kim oʻgʻirlagan, bilasizmi?

Jamshid «Ha», desa yana savollar oʻqiga duchor boʻlishini bilib, indamadi.
— Bilmasmidingiz?
— Qoʻysang-chi shu gaplarni.
— Bilmasmidingiz?.. Siz.. pismiqsiz!.. Siz mening odam ekanimni bilasizmi? — Zaynab shunday deb turib yigʻlab yubordi.

Ayni paytda telefon jiringladi. Zaynab telefon tomonga bir qarab, qoʻlini siltab qoʻydi-da, gapini davom ettirdi:
— Mening oʻrnimda hayvon boʻlganida xoʻrlanishiga chidolmay, hech boʻlmasa oʻkirardi. Egasining rahmi kelardi, egasi xoʻrlatib qoʻymas edi.

Telefon jiringlashini qoʻymagach, goʻshakni zarda bilan koʻtarib «Ha!» dedi. U tomondan javob boʻlmadi. Bu hol bir necha marta takrorlangach, Jamshid «Toʻxta, birov maynavozchilik qilyapti shekilli», deb goʻshakni koʻtardi. Uning bu xonadonga kelishi hukm sari qoʻyilgan birinchi qadam boʻlsa, bu ikkinchisi boʻldi. Uchinchisi, eng asosiysi edi...

Zaynab hasratlaridan bir chimdimni aytib yengil tortgach, jim boʻldi. Uning oʻksib, xoʻrsinib yigʻlashi Jamshidga onasini eslatdi. Hakam hukmni oʻqib, Jamshid qoʻliga kishan solinganida onasi dodlab yuborgan edi. Temir panjarali mashinaga olib chiqishayotganda milisa yigitlar koʻngilchanlik qilib qoidani buzishsa ham ikki-uch daqiqaga ularni xoli qoldirishgandi. Oʻshanda onasi xoʻrsinib-xoʻrsinib yigʻlagan edi...
— Zaynab... men hammasini bilaman, — dedi Jamshid boshini egib.
— Men ayol boʻlsam ham undan oʻch olaman.
— Sen singlimsan... Sen uchun men oʻch olaman... Qasam ichaman... Agar seni himoya qiladigan erkak zoti qirilib bitsa oʻzing oʻch olasan...

Ana shu gapdan keyin Zaynab oʻrnidan turib kelib, Jamshidni boʻynidan quchib, oʻpib qoʻydi... Uchinchi hal qiluvchi qadam shu edi...

Xotima

Yoxud ikkinchi kitobning debochasi

Zohid

1989 yil 29 may

Oʻsha joy, oʻsha daraxt, oʻsha manzara. Faqat murda boshqa. Mashina boshqa.
— Bizning goʻlligimizni ta’kidlamoqchi boʻlishganmi? — dedi mayor Soliev.

Zohid qotillik haqidagi xabarni eshitib yoʻlga chiqqanida aynan shu yer, aynan shu daraxt deb oʻylamagan edi. Manzarani koʻrib, hayratda turganida mayor shu savolni berdi. Zohid unga javob bermay murdaga tikildi.
— Aynan oʻshanday emas, — dedi oʻychan. — Hozircha ikkita farq bor. Birinchisi moshina yonmagan. Buning oʻrniga murdani yoqishgan.
— Buning ham boyligiga tegishmabdi, — dedi mashina ichini titayotgan Hamdam Tolipov. — Ancha-muncha pul. Bezaklar bor ekan. Yigitlar hisoblashyapti.
— Oʻzaro urushning boshlanganimi bu? — deb soʻradi Zohid mayordan.

Soliev yelka qisib qoʻydi.
— Hali vaqt bor edi. Qaydam?
— Bizning ishimizni osonlashtirishmi yo chalkashtirishmi maqsadlari?

Bu savolga mayor Soliev javob bera olmas edi...

Elchin

1989 yil 1 iyun

Jamshidni Chuvrindining uyidan chiqarishdi.

Zaynab uning oʻlimi haqidagi xabarni eshitdi-yu, esi ogʻib qolayozdi. U otasining poylab kelganini, fojia uning amri bilan yuz berganini tasavvur ham qila olmas edi. Zaynab tuni bilan mijja qoqmadi. Tuni bilan Jamshid unga hamsuhbat boʻldi. Jamshid ilgarigidek jingalaksoch emas, sochlarini oldirib boshiga doʻppi kiyib olgan, yanada xushroʻylashgan Otabek edi. Ular qilvir sochlari mayin titrayotgan majnuntol panasida, toʻlqinchalari oy nuri bilan oʻynashayotgan hovuz boʻyida bir-birlariga roz aytdilar...

Qizini poylab Manzura ham bu tun uxlamadi. Zaynab hovli oʻrtasida harakatsiz turib qolganida Manzura ziyrak edi. Qiziga tikila-tikila koʻzi toliqdi. Shoshqaloq xoʻrozlar qichqira boshlaganida gʻaflat bosibdi. Necha daqiqa koʻzi ilindi, bilmaydi. Choʻchib koʻzini ochsa — Zaynab yoʻq. Manzura oʻtirgan yerida «Zaynab!» deb chaqirdi. Javob boʻlmadi. U «Voy, shoʻrim!» deganicha hovliga oyoqyalang holda yugurib chiqdi. Oshxonaga olib boruvchi usti berk yoʻlakda osilib turgan odam qorasini koʻrib dod soldi. Yaxshi hamki Yaratgan uning hushini olmadi — yugurib borib qizining oyoqlarini quchoqlaganicha yuqoriga koʻtardi. Bu orada boloxonadagi sergak yigitlar tushib, arqonni yechishdi.

Oradan bir necha soat oʻtgach, hovliga Elchin kirib keldi. Uyida Zaynabni koʻrmagach, «onasinikidadir», deb shu yerga kelgan edi. Subhi sodiqdagi dahshat toʻridan qutilmagan Manzura uni dardli nigoh bilan qarshi oldi.
— Zaynab shu yerdami? — degan savoliga «Ha», dedi-yu, ichkariga taklif qilayinmi yo yoʻqmi, deb ikkilandi. Oxiri bir qarorga kelib: — Yotibdi,tobi yoʻqroq, — dedi.

Zaynab karavotda sochlari parishon holda, koʻzlarini bir nuqtaga qadab yotar edi. Manzura qiziga qarab turib xoʻrligi keldi. Pastki labini tishlab, yigʻlab yubormaslik uchun tashqariga chiqdi.
— Nima boʻldi? Tuzukmisiz? — dedi Elchin.

Zaynab unga bir qarab olgach, koʻzini shiftdagi yana oʻsha nuqtaga qadadi:
— Men... oʻzimni oʻldirmoqchi edim...— dedi Zaynab xasta ovozda.

Elchin nima deyishini bilmay gangib qoldi.
— Men... yashashni istamayman... Jamshid akamning yonlariga borishni xohlayman...
— Jamshid? Qaysi Jamshid?
— Jamshid akamni oʻldirishdi. Men Jamshid akamni yaxshi koʻrardim. Xudodan yashirmaganni sizdan yashirmayman... Xudo jonimni olmadi. Bolangiz tugʻilganidan keyin... meni oʻldiring!.. Men... Sizga xiyonat qildim...
— Yoʻq! — dedi Elchin titrab.
— Erkak boʻlsangiz, meni oʻldirasiz...
— Yoʻq! — Elchin bu safar qattiq baqirdi. Zaynab shiftga qadagan nigohini uzib unga qaradi.
— Oʻldirasiz...— dedi pichirlab.

Manzura kirib, Elchinning yengidan asta tortdi.
— Sizni chaqirishyapti.
— Zaynab, bu gapni miyangizdan chiqarib tashlang, ishonmayman! — dedi Elchin, orqasiga tisarilib.

Katta xona oʻrtasida Asadbek bilan Kesakpolvon tik turgan holda gaplashishardi. Elchin kirib kelgach, Asadbek dargʻazab koʻzlarini unga qadab, tik bosib keldi.
— Jamshidda nima qasdingiz bor edi?! — dedi u titroq ovozda.
— Jamshidda? — Elchin dovdiradi. — Nima boʻldi oʻzi, hozir eshitdim...

Gapini tugatishga ulgurmasdan Asadbek uni giribonidan oldi.
— Jim yurgin deganmidim? Qasosingni olgan eding-ku?
— Bek aka, avval gapimni eshiting. Hozir Fargʻonadan kelyapman, axir.
— Haydar, Shilimshiq qanday oʻldirilganini koʻrganmiding? — dedi Asadbek uni qoʻyib yubormay. — Ayt bunga, koʻrganmiding?
— Koʻrgandim.
— Jamshidni-chi?
— Koʻrdim. Oʻsha daraxtga osib, haligisi kesib tashlanibdi.

Asadbek Elchinning giribonidan qoʻlini oldi-yu, oʻsha zahoti jagʻiga musht tushirdi. Elchin gandiraklab ketdi. Oʻzini oʻnglashga ulgurmay Kesakpolvonning tepkisini yedi. Asadbek gʻazab otiga minib tomosha koʻrsatmayotgan edi. U Jamshidning oʻlimida Elchinni chindan ham aybli deb sanadi. Nazarida Elchin daydib ketmay uyida oʻtirganida, xotiniga yaxshi qaraganida bu koʻrgiliklar yoʻq edi...

Asadbek

1989 yil 6 iyun

Asr namoziga azon aytilgan damda Asadbekka deputat qoʻngʻiroq qildi:
— Aka, ahvol chatoq, men bilan Fargʻonaga borib kela olmaysizmi? — dedi hovliqib.
— Nima gap oʻzi? — dedi Asadbek.
— Yoʻlda tushuntirib beraman. Aeroportga kelavering.

Asadbek samolyotga chiqmay turib, Fargʻonada nimalar boʻlayotganini eshitgach, Zelixonning gaplarini esladi.
— Bu janjallarga mening nima aloqam bor? — dedi Asadbek.
— Siz u tomonlarda koʻp odamlarni taniysiz. Meni oʻsha yerdan saylashgani bilan hech kimni tanimayman. Yonimda boʻlsangiz...

Asadbek unga qarab turdi-da, qoʻl uzatdi:
— Yaxshi borib keling...

* * *

Har bir togʻning choʻqqisi boʻlganidek, shaytanat olami voqealarining bayoni ham shu nuqtada choʻqqisiga boradi. Bu demak, Ollohning madadi ila birinchi kitob nihoyasiga yetdi. Omin va Robbil olamin.

III- qism
 
Keyingi