OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiShaytanat (II- kitob, I- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Kriminal belletristika
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm261KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/12/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shaytanat (II- kitob, I- qism)
Tohir Malik

Muallifdan

Bismillohir Rohmanir Rohiym.

Qalamga xiyonat qilmay yashamogʻimda toʻgʻri yoʻl koʻrsatguchi, niyatlarimni amalga oshiruvimda madad berguchi, mendayin ojiz gunohkor quliga vaqtida jazo berib, vaqtida tavbalarimni qabul etib, gunohlarimni kechirguchi, ulugʻ ustozlarga bergan ne’matlardan menga-da nasib etguchi Olloh taborak va taologa shukronalar, hamdu sanolar aytmoq bilan boshlagumdir.

Ollohning madadi ila birinchi kitobga soʻnggi nuqta qoʻyganimdan soʻng xiyla fursat oʻtdi. Asar oʻqigʻuvchiga yetib bordi. Dashnom ham, maqtov ham eshitish nasib boʻldi. Bu tabiiy bir hol. Hech bir asar barchaga barobar ma’qul boʻlmas. Asarning qaeridir bir odamga yoqar, boshqa birovga esa yoqmas. Yozuvchilarning asari ham bir farzand misolidadur. Alhol, farzandingiz birovga xush yoqar, boshqaga esa yoqmas. Tanqidlarni tinglab toʻgʻri xulosa chiqarishga intildim. Bu xususda mazkur ikkinchi kitobni oʻqib chiqib, tayin bir fikrga kelarsiz.

Uchrashuvlarda koʻp takliflar aytishdi, hatto iltimoslar qilishdi. «Elchinni oʻldirmang, shuncha kulfat u uchun yetarli emasmi?», «Asadbekni oʻldirmang...» Shunga oʻxshash gaplar. Men ularga aniq javob yoki va’da bera olmadim. Chunki asardagi qahramonlarga men hukm chiqarmayman. Hukm voqealar rivojiga qarab boʻladi.

Koʻpchilik asarda oʻziga tanish odamlarni koʻribdi. «Asadbek falonchimi?», «Elchin pistonchimi?» deb soʻrashdi. Azizlarim, bu shunchaki bir tasodif. Hayotda ham kimdir kimgadir oʻxshaydi-ku? Birovga oʻxshatsangiz ham, aynan shu odam, degan qarorga kelmang. Oʻqiy boshlaganingiz mazkur kitobda ham tasodiflarga duch kelsangiz, ajablanmang.

Bu asarni ham toqat bilan oʻqib chiqishingizda Olloh sizga madad bersin.

Bismillohir Rohmanir Rohiym.

Al-yavma naxtimu ala afvahihim va tukallimuna aydihim va tashhadu arjuluhum bima kanu yaksibuun.[1]

«
Bir dev bor ichimda, asti pinhon boʻlmas,
Boshini egmak aning oson boʻlmas.
Iymon ne ekanligin anglatsam ham,
Kofir u ashaddiy, hech musulmon boʻlmas.

Shayx Najmiddin Kubro
»

I bob

1

...Yuqoridan turib qaraganida daryo suvi tiniq, sokin oqayotgandek edi. Suvni koʻrdi-yu, tashnalik azobi yana zabtiga oldi. Hayajon bilan «suv!» deb baqirgisi keladi, ammo tashna lablarini jon tark etib boʻlgan. Xarsang toshlarni oralab tezroq pastga tushmoqni istaydi, lekin jon tark etgan oyoqlar endi oʻziga boʻyinsunmaydi. Boʻysunmasa-da, jonsiz oyoqlar uni daryoga eltadi. Biroq tashna lablarga suv tegmaydi. Tepadan qaraganida koʻringan tiniq suvdan asar ham yoʻq. Daryo qurib qolgan (Nahot yetib kelgunimcha qurib bitdi, deb oʻylaydi u), unda-bunda koʻlmaklar koʻzga tashlanadi. Koʻlmaklardagi suvni ichib boʻlmaydi — sasib yotibdi. Uning koʻzlari kattaroq koʻlmakdagi ilonga tushdi. Yoʻgʻonligi oʻqlovdek ham kelmaydi. Ajib manzara! Ilon bir baliqni oʻlja qilib yuta boshlaganu halqumining kichikligini hisobga olmagan. Oqibatda baliqning yarmigina ilon ogʻzida — dam-badam jon achchigʻida dumini asabiy ravishda silkiydi. Baliq nochor, ilon esa undan-da nochor — yutib yuta olmaydi, qoʻyib qoʻya olmaydi. Baliqqa rahmi keldi. Uni ilon ogʻzidan yulib olmoqchi boʻldi. Shu niyatda engashganida bir shovqin eshitildi — xuddi tunuka tom ustiga shagʻal agʻdarilganday boʻldi. U choʻchib atrofiga alangladi. Ajib manzara! Daryoning quyi tomonida koʻringan sel oqimi oʻrkach-oʻrkach toʻlqinlari bilan yuqoriga qarab bostirib kelardi. U qochmoqqa shaylandi. Jonsiz oyoqlari boʻysunmadi.
— Suvdan shunchalik qoʻrqasanmi? — dedi kimdir.

Kimdir... kim aytdi bu gapni? Nazarida baliq aytganday boʻldi.
— Suzishni bilmayman, — deb oʻzini oqladi.
— Suzishni bilmasang bu teskari daryoga nima uchun kelding?
— Chanqadim.
— Sen bu daryolardan suv icha olmaysan. Qochma. Tashnalikdan oʻlgandan koʻra suvga boʻkib oʻlganing yaxshi emasmi?
— Ahmoq! Sen oʻzingni oʻyla!
— Men suzishni bilaman. Ammo shu suvda oʻlaman...

U toshlarga tirmasha boshladi. Oyoqlariga xarsang bogʻlanganday — ilgarilashi ogʻir, juda ogʻir. Qayoqdan quvvat keldi, bilmaydi, harholda sel oqimidan qutulib oldi. Hozirgina tirmashayotgani xarsang toshlar baland minora gʻishtlariga aylandi. Minora tepasidagi shaffof idishda suv bor edi, suv! U minora tepasiga yetay deganida, gʻishtlar anor donalariday toʻkildi. U tubsizlik sari uchdi. Nafasi qaytdi. Onasi «baxtsizlikka uchrasang «la ilaha illolloh» deb aytgin», degan edi. Bu oʻgitni qariyb unutgan ham edi. Hozir, yuragi qinidan chiqayozgan holda qorongʻi boʻshliq sari uchib borayotganda shu soʻzlarni esladi. Aytmoqchi boʻldi, tili aylanmadi. Oʻzini zoʻrlab baqirdi: La ilaha illolloh!
— Adasi, adasi, koʻzingizni oching, sizga nima boʻldi? Voy, biram bosinqiradingiz-ey...

Zohid koʻzlarini ochib, sochlari toʻzgʻigan xotinini koʻrdi.
— Hecham bunaqangi baqirmovdingiz-a, koʻchaga chiqqaningizda gadoyga yetti tanga sadaqa bering. Balolardan asrar ekan. Tushingizda oʻlik-poʻlik koʻrib qoʻrqdingizmi? — xotini savoliga javob kutmay, oʻrniga choʻzildi. — Chalqancha yotmang, yana bosinqiraysiz.

Zohid xotinining amriga boʻysunib chap tomoniga yonboshladi. Yuragi tepishini aniq sezdi. Xayolini chalgʻitish uchun yurak urishini sanab yotdi. Xotinining soʻnggi gapi unga gʻalati tuyuldi. Oʻylab qarasa, shu paytgacha tushida sira oʻlik koʻrmabdi. Ishi yuzasidan turli murdalarni turli holatlarda koʻraverib uning diydasi qotib ketgan. Mana, yoʻl chetida osilib turgan murdani koʻrgan ba’zi odamning esi ogʻib qolishi ham mumkin. Zohid esa uni sinchiklab qarab chiqishga majbur. «Bir... ik-ki...» Yuragi xuddi askar yigitlarning qadam tashlashiday gursillay boshladi. Uyqusi tamom oʻchgan edi. Yuragida behalavotlik sezib, qaddini koʻtardi. Xotini uxlamagan edi, boshini sal koʻtarib «choy qoʻyib beraymi?» deb soʻradi. Zohid «uxlayver» deb oʻrnidan turdi-da, oyogʻiga shippakni ilib balkonga chiqdi.

Oqshomda yerni yamlab yutaman degan hamla bilan yopirilib kelgan qora bulutlar toʻdasi ikki-uch oʻt purkab, guldurak solib, zaminni shiddatli tomchilar bilan savalagach, kuchdan qolgan zamin osoyishtalik hukmida beozorgina nafas olardi. Osmon toza, havo begʻubor... Zohid koʻkragini toʻldirib nafas oldi. Xotinining gapidan keyin yoqib yuborilgan oʻlik koʻz oʻngidan ketmay qoldi. Shundaygina katta yoʻl boʻyiga osilgan. Oʻn-oʻn besh qadam naridan mashinalar oʻtib turgan. Avval ham shunday boʻlgan. Avval ham, oʻtgan kuni ham biron-bir mashina toʻxtatmagan, «hoy, nima qilyapsanlar!» demagan. «Jon shirin-da, — deb oʻyladi Zohid.— Toʻxtab, tanbeh bergan odam oʻlishi, omadi kelgan taqdirda, hushidan ketgunicha kaltak yeyishi mumkin edi. Hatto militsiya mashinasi ham toʻxtamagan. Shu joyga kelganda nima uchundir gapga chalgʻib, koʻrmay oʻtib ketishgan...»

Zohid bu safar ishni guvoh topishdan boshlamoqchi boʻldi. Shu maqsadda Hamdam Tolipovni avtomobil nazorati xodimlari bilan gaplashgani joʻnatdi. Oqshomdan tonggacha toʻxtatilgan mashinalarning roʻyxatini oldirdi.
— Oʻzlari ham tunda oʻtishibdi. Gap bilan chalgʻib bu yoqqa qarashmabdi,— dedi Hamdam, soʻng ularni topgan bahonalariga qoʻshib, boʻralab soʻkdi.
— Hamdam aka, shu yoʻldan oʻtgan mashina egalari bilan oʻzingiz gaplashib chiqasiz, — dedi Zohid.
— Foydasi boʻlarmikin? — dedi mayor Soliev,— ular ham aynan shu joyga yaqinlashganlarida gapga chalgʻigan boʻlishadi.
— Chiqmagan jondan umid, deydilar, bir harakat qilib koʻraylik-chi...

...Hamdamni kechgacha uchratmadi. Shu ish bilan mashgʻul boʻldi shekilli. Oʻzi oqshomga qadar tibbiy ekspertiza xulosalarini kutdi. Mashina egasini aniqlash qiyin boʻlmadi: Jamshid Sunnatullaev. 1954 yilda tugʻilgan. Nomusga tegishda ayblanib, qamalgan. Muddatidan ilgari ozod etilgan. Maktabda duradgor boʻlib ishlaydi.
— Bu ham nomiga ishlagan. Maktabga borib yurma, uni baribir tanishmaydi,— dedi Soliev.

Zohid ham shu fikrda edi. Maktabga borsa faqat chalgʻishi mumkin. Lekin Sunnatullaevning jinoiy ishi bayoni bilan tanishmoqni lozim, deb topdi.

Ba’zan odamzotning aqliga qoyil qolmoq kerak. Oʻzining xotirasiga ishonmagani uchun «Arxiv» degan narsani topganki, bu ixtiroga tan bermoqdan oʻzga chora yoʻq. Toʻgʻri, xorijda bu vazifa kompyuter zimmasiga yuklatilgan. Ammo bizning qogʻozlardan iborat boʻlgan arxivimiz kompyuterdan ishonchliroqdir. Katta jinoyatlarni qoʻya turaylik, lozim boʻlsa, kunda necha marta aksa urgansiz — barchasini muhrlab qoʻyishi mumkin. Zohidga oʻxshagan azamat bir kuni arxivdagi «ish»ingizni ochib, «Xoʻ-oʻsh, yigirma besh yil muqaddam, falon kuni, falon soatda aksirgan ekansiz, toʻgʻrisini ayting, nima maqsadda aksirgansiz?» deb qolsa ajablanmaysizmi? Ana shu qogʻozlar ichida Jamshidga aloqador hujjatlar ham saqlanar edi: boʻyi 174 santimetr, yelkalari... koʻkragi... ogʻirligi, sochi... rangi... Surati: yonboshidan, roʻparadan... Jingalak sochli xushroʻy yigit. Koʻzlari ma’yus — «rostdan ham men jinoyatchimanmi, rostdan ham meni qamaysizlarmi?» deyayotganday.

Zohid avvaliga «ish»ni hafsalasizlik bilan varaqladi. Yoshi oʻzidan kattaroq qari qizni zoʻrlamoqchi boʻlibdi. Oʻsmirlar orasida uchrab turadigan voqea. Uygʻonish pallasida oʻzini boshqara olmay qoladigan oʻsmirlar yuradigan yoʻl bu. Tergov bayonlari, guvohlarning soʻzlarini oʻqiy boshlagach, sergak tortdi. «Ish» bilan toʻliq tanishib chiqqach, tergovning ham, sud jarayonining ham belgilangan reja asosida borganini, Jamshid gunohsiz ekanini fahmladi. Zohid uchun bu ajablanarli hol emas edi. U faqat bir narsani bilmasdi — oʻsmirlar-ku tabiiy bir kuch oldida ojiz qolishadi. Ammo bu ishni olib borgan tergovchi, hakam qanday kuch oldida ojiz qolishdi? Ularni qanday kuch boshqardi? Asadbekmi? Zohid uzzukun shu toʻdani oʻylab yurgani uchun ham xayoliga birinchi boʻlib Asadbekning nomi keldi. Keyin bu fikrdan qaytdi: Asadbek oʻsmir bolani qamatib yuboradigan darajada mayda boʻlmasa kerak. Jamshid qamalishda beayb ekan, jinoyatchi jandasini oʻsha yerdan kiyib chiqdimi? Soʻng kimga qoʻshildi? Nima ishlar qildi? Zohidning boshini garang qilgan savollar behisob edi. Bu savollar holva ekan. Sud tibbiy ekspertiza xulosalari uni gangitib qoʻyayozdi: murdaning yoshi ellik-ellik beshlarda. Jigari va boshiga qattiq narsa urilgan. Miyasiga qon quyilgan. Oʻng oyogʻi singan. Boʻyi ham, koʻkrak qafasi ham Jamshidning «ish»idagi raqamlarga toʻgʻri kelmaydi. Eng muhimi, osib oʻldirilmagan. Bu odamning jon berganiga kamida yetti-sakkiz kun boʻlgan.

Zohid avvaliga «boshqa odam haqidagi ma’lumotni adashib berishdimi?» deb oʻyladi. Telefon qilib surishtirdi ham. Yoʻq, bu oʻsha — katta yoʻl yoqasida osilib turgan murda edi. Zohidning iltimosi bilan yetib kelgan mayor Soliev ham, Hamdam Tolipov ham bu xulosadan ajablanishdi. Ular bir necha fursat jim qoldilar. Zohid muammoni ular yordamida hal etmoq niyatida edi. Xulosani oʻqigach, ularning koʻzlarida ham savol zohir boʻldi. Koʻpni koʻrgan Soliev «bunaqa hodisalar yangilik emas», degan ma’noda qarab qoʻygan boʻlsa-da, oʻyga tolgani muammoga bandi boʻlib qolganini oshkor etardi. Sukutning uzoq vaqt hukmronlik qilishiga Hamdamning toqati yetmadi:
— Xoʻsh, unda Jamshid qani? Bu odam kim? Uni Jamshid oʻldirib, soʻng qochib qolganmi?
— Oʻzining oʻrniga mashinasini qoldirib, a? — deb piching bilan izoh berdi Zohid.
— Ha,— dedi Hamdam,— tashrif qogʻozi boʻlmasa oʻrniga mashinasini qoldiravergan. «Meni bi-ir mazza qilib qidirib topinglar» deganida bu.

Uning hazili javobsiz qoldi.
— Xulosa chiqarishga shoshilmanglar,— dedi Soliev oʻychan tarzda.— Oʻldirilgan odam kim? Nima uchun uning murdasini bir necha kun saqlab turib, soʻng osib, soʻng namoyishkorona yoqib yuborishgan? Bu — oldingi oʻlimga javobmi? Endi Jamshidning mashinasi... Ular kimnidir, balki bizni Jamshidning oʻlganiga ishontirishmoqchi boʻlishganmi? Yoki...
— Yoki qotil — Jamshid, deyishmoqchi,— deb izoh berdi Hamdam.

Soliev oʻychan tarzda, xuddi oʻziga-oʻzi gapirayotganday edi. Hamdamning izohidan soʻng, unga norozi qiyofada boqdi:
— Ularni shunchalik kaltafahm deb oʻylaysizmi? — dedi noxush ohangda. Soʻng Zohidga qaradi: — Nima qilmoqchisan?
— Hayronman. Oʻylab koʻrishim kerak. Ertaga uyiga boraman.
— Oʻzing xabar bermoqchimisan? — dedi Hamdam ajablanib.— Borma, baloga qolasan. Uchastkavoyga aytamiz.
— Siz... haydovchilar bilan gaplashdingizmi? — dedi Zohid uning gapiga e’tibor qilmay.
— Gaplashyapman. Uchtasini topdim. Koʻrmadik, deb turib olishdi. Koʻrdim, deydigan mardning topilishiga ishonmayman...

Borliqqa shom qoʻngan mahalda boʻlib oʻtgan suhbatni Zohid hozir, yarim tunda esladi. Uyiga qaytib oʻgʻilchasining behisob savollariga javob berayotganida ham, ovqatlanayotganida ham, yotganida ham muammolarning chigal kalavasi uni holi qoʻymadi. Xayolan ming turli koʻchalarga kirib javob izladi. U yer ostidagi zulumot yoʻlakka kirib qolgan — roʻparada yilt etgan yorugʻlik yoʻq. Hali birinchi qotillik ildiziga bolta urmay turib, ikkinchisi mana men deb turibdi.

Koʻchada mashina koʻrindi. Sekin yurayotgan mashinaning chirogʻi yoʻlni paypaslayotganga oʻxshaydi. «Yarim kechada nima qilib yuribdi? — deb oʻyladi Zohid.— Zarurat bordirki, koʻchaga chiqqan. Jamshidning mashinasi ham yukxonasiga oʻlikni ortib olib shunday yurgandir, murdani osishga joy qidirgandir? E, yoʻq, qidirmagan. Katta yoʻldan uchib borgan. Osish joyini aniq bilgan. Keyin-chi? Keyin qayoqqa gʻoyib boʻldi? Balki... Jamshidning mashinasidan foydalanishgandir? Balki... oʻzi qaysi bir ovloqda yotgandir? Balki... uni ham oʻldirib boʻlishgandir?.. Ehtimol uning oʻligini ham xuddi oʻsha daraxtga osib qoʻyishar?»

Ehtimol... Ehtimollar koʻchasi togʻdagi soʻqmoqlarday behisob. Zohidga esa bittagina yoʻl kerak — haqiqatga olib boradigan yoʻl.

Zohid yana bir oz oʻyga tolib turgach, oʻrniga qaytdi. Biroq uyqusi kelmadi — tongni bedor tarzda qarshiladi.

Ertalabki nonushtadan soʻng oʻgʻlini bogʻchaga olib borgach, Jamshidning uyiga qarab ketdi. Eski shaharning koʻchalari tor, koʻrimsiz boʻlgani bilan nomlari as’asa-yu dabdabadan iborat edi: Shodagul, Fayzobod, Qichqiriq, Gulxayri... Mahallada dunyo kezgan biron amaldor yashaganmi yo olam kezishni orzu qilgan xayolparastmi — har nechuk jahonning mashhur shaharlari nomlarini ham uchratish mumkin edi. Jamshid yashagan uy Varshava koʻchasida ekan. Bir arava arang sigʻadigan bu koʻcha qachonlardir katta koʻchalardan hisoblangan boʻlsa kerak. Uylar biri-biridan kam farqlanadi, hammasi ellik-oltmish yilning naryogʻida qurilgan. Deyarli hammasida boloxona mavjud, ammo darvozasi yoʻq. Darvozaga ne hojatki, koʻchaga mashina sigʻmasa? Jamshid yashagan uy boloxonasi koʻpdan qarovsiz boʻlganidan nuray boshlagan edi. Qoʻngʻiroq boʻlmagani uchun Zohid koʻp yildan beri boʻyoq koʻrmagan ikki tabaqali eshikni taqillatdi. Ichkaridan ayol kishi ovoz berdi. Dam oʻtmay yoshi ellikdan oshgan boʻlsa-da, chiroyini yoʻqotmagan bir ayol koʻrindi. «Onasimikin?» Salom berishdan avval Zohidning xayoliga shu savol keldi. Ayol salomga alik olgach, Zohid oʻzini tanitdi. Ayol esankiramadi, ajablanmadi. Ichkariga ham taklif qilmadi. Shu sababli Zohid maqsadini dab-durustdan aytishga ikkilandi. Ayol mezbonlik odobiga zid ish tutayotganini bilib, xijolatomuz tarzda izoh berdi:
— Adalari insult boʻlganlar. Qoʻl-oyoqlari ishlamaydi. U kishi bilmay qoʻya qolsinlar, dardlariga dard qoʻshilmasin.

«Nimani bilmay qoʻya qolganlari ma’qul? — deb oʻyladi Zohid. — Bu ayol biladimi? Birov xabar qildimi? Kim?»
— Kechirasiz, siz Jamshidning onasimisiz? — deb soʻradi Zohid, ajablanganini yashirmagan holda.
— Men... nima desam ekan... — ayol oʻngʻaysizlandi, keyin past ovozda: — Men oʻgay onasiman, — deb qoʻydi.
— Uzr, bilmagan edim.
— Onalari... Jamshidjon qamalganlarida uzilgan ekanlar. Mening... bolam yoʻq. Jamshidjonga ona boʻlarmikinman, deb umid qiluvdim. Xom xayol ekan. Adalariga qarab oʻtiribman... Peshonam shu ekan...

Bu ayolga Zohidning rahmi keldi. Koʻz oldiga Jalolshilimshiqning onasi keldi. Bola koʻrganiga pushaymon yegan, qoshlarini chimirib, odamga mensimay qarovchi u ayol kimu tirnoqqa zor holda yashagan, yigit yoshidagi bolaga ona boʻlarmikinman, deb umid qilgan bu ayol kim? «Xom xayol ekanman», deb turgan bu ayol qalbida ozgina boʻlsa-da umid saqlanib qolgandir. «Jamshidjon «ona», demasalar ham mayli, uylansalar, farzand koʻrsalar, shu bolachalar buvijon, desa, men ularga onalik qilsam, yuvib-tarasam, onalik mehrimni bersam, kelinni qizim desam...» Zohid shularni xayolidan kechirib, beixtiyor ayolning koʻzlariga qaradi. Chiroyli koʻzlar atrofini ajin qoplaganini endi koʻrdi. «Ajinlar oʻtgan umrning muhri», deyishadi. Balki muhri emas, tarixidir? — deb oʻyladi Zohid.— Agar ajinlarni oʻqiy oladigan kompyuter ixtiro qilinsami? Bu ayolning ajinlari nimalarni hikoya qilar ekan? Tunlari beshik tepasida mijja qoqmay chiqishni orzu qilganlarinimi? Yo «ona» degan birgina soʻzni eshitish ilinjida yashagan yillarinimi?.. Hozir oʻgay oʻgʻli oʻlimini eshitgach, yuziga yana bir ajin tushmaydimi?»

Zohid aybdor odam qiyofasida yerga qarab, gap boshladi:
— Men xunuk xabar bilan keldim. Jamshid... oʻgʻlingizni...
— Bilaman,— dedi ayol Zohidning mushkulini osonlashtirib. Mushkulni-ku, oson qildi, lekin hayratini yuz chandon oshirdi.
— Bilasizmi? Oʻldirib ketishganini bilasizmi?
— Ha, kecha aytishdi. Adalariga bildirmadik. Tutingan akalarinikidan chiqarishdi,— ayolning lablari titradi, koʻziga yosh keldi.— Odamlar bunchayam zolim boʻlishmasa! Chimildiq koʻrmay ketdi, boyaqish. Borib yigʻi chiqardim. Mendan boshqa kim ham yigʻlardi... Berahmlar... yoqib yuborishibdimi?.. Menga koʻrsatishmadi...
— Tutingan akalari kim?
— Mahmudjon. Qamoqdan chiqarishda ham koʻp yordamlari tekkan ekan. Adalari doim duo qilardilar u kishini.
— U kishi qaerda turadilar?

Ayol aytdi, Zohid yondaftarchasiga tez-tez yozib oldi.
— Jamshidni oxirgi marta qachon koʻruvdingiz?
— Uch-toʻrt kun boʻluvdi. Adalaridan xabar olib ketuvdilar.
— Bu yerda turmas edimi?
— Shu yerda turardilar. Safarda koʻp boʻlardilar-da. Ishlari shunaqa...
— Qaerda ishlardi? Maktabda emasmi?
— Bilmasam... Yoshlar oʻzingizga ma’lum-ku, shamoldek uchib yurishadi.
— Men... faqat xabar bergani kelmaganman. Uyni koʻrib chiqishim kerak.
— Voy... adalari sezib qolsalar...
— Boshqa iloj yoʻq, meni ham tushuning. Mana, order.—Zohid shunday deb ruxsatnomani koʻrsatdi.
— Ishonaman, qogʻozingiz kerakmas. Faqat... sezib qolsalar... Yomon boʻladi-da... Ertami-indin kelsangiz-chi?
— Erta-indin ham ahvol shu boʻladi-ku?
— Yoʻq... Men adalarini kasalxonaga yotqizamanmi, deb oʻylovdim. Jamshidjon ham oxirgi kelganlarida shunday devdilar. Endi... bunaqa boʻlganidan keyin... bu yerda ham is chiqarish kerak. Xayri-xudoyi qilish kerak. Kasalxonaga yotqizmasam boʻlmaydi. Oʻsha yerda qarayman. Siz xotirjam boʻling, narsalariga tegmayman. Tegsam, Xudo ursin!

Zohid papkasidan tashrif qogʻoz chiqarib, ayolga uzatdi:
— Qasam ichmang. Kasalxonaga yotqizganingizdan soʻng, menga xabar bering. Tanishingiz bormi yo biz aralashaylikmi?
— Bor, siz tashvish chekmang. Akam oʻsha yerda ishlaydilar.

Zohid xayrlashib, iziga qaytdi. Yigirma qadamcha bosib, orqasiga oʻgirildi. Ayol hamon eshik oldida turardi.

«Nimaga bu ayolga ishona qoldim? Rahmim kelganidanmi? Shu holni Hamdam akaga aytsam, meni kalaka qilardi. «Bu sohada bizning eng katta dushmanimiz — rahmdillik» deydi. Balki shundaydir. Jinoyatchiga rahm qilsang, u seni berahmlarcha oʻldirishi ham mumkin. Lekin barcha jinoyatchi emas-ku? Hozir uyga bostirib kirganida nima boʻlardi? Oʻgʻlining oʻlimini sezgan otaning joni uzilishi hech gap emas. Bittagina nojoʻya harakatim bilan uning oʻlimiga sababchi boʻlarmidim? Ha... Lekin meni hech kim qotil demas edi. Holbuki uning oʻlimiga men sababchi boʻlardim. Qiziq hol... Koʻpchilik infarktdan oʻladi. Surishtirib kelinsa, uni kimdir bir soatmi yo bir kunmi oldin qattiq xafa qilgan boʻlib chiqadi. Oʻsha xafagarchilik yuragiga ta’sir etgan... Lekin oʻsha ranjitgan odamni hech kim ayblamaydi. Yuragiga xanjar ursa, darrov qamaymiz. Yomon soʻz yurakka sanchiluvchi koʻzga koʻrinmas xanjar emasmi?..» Zohid shu fikrga kelib, ichkari kirmagani uchun oʻzini ayblamadi. Uydan bir oz uzoqlashgach, Jamshidning tutingan akasi haqidagi ayolning gaplari uni shartta toʻxtashga majbur etdi. «Mahmudjon, dedimi?» Tanish ism. Qaerda uchratganman? Ha, Asadbekka yaqin odamlardan biri Mahmud edi. Oʻsha emasmikin? Qiziq, ularga kim xabar berdi? Oʻlikni olib chiqib koʻmishga ham ulgurishibdi... Bu oddiy odamning qoʻlidan keladigan ish emas...»

Zohid orqasiga oʻgirildi. Ayol koʻrinmadi.

2

Bu bolaning turqi sovuqroq edi. Birovdan soʻkish eshitsa koʻzini loʻq qilib indamay turaverardi. Keyin esa... oʻz bilganidan qolmas edi. Ba’zan maqtov ham eshitardi. Shunda U sovuqqina tirjayib qoʻyardi. Turqi-tarovatida sovuqlik zuhr etgani uchunmi bu mahallaga koʻchib kelishganidan beri bolalar Uni qatorlariga qoʻshishmasdi. Toʻp tepishsa ham, chillak oʻynashsa ham davraga chorlashmas edi. U ham «meni oʻyinga qoʻshinglar», deb yalinmasdi. Oʻyinni tamosha qilib turaverardi.

Ular uch mahalla naridagi uyda yashashardi. Aka-ukalar tor hovlida siqilib qolishgach, otasi shu mahalladagi shinam uyni sotib oldi. Uzoqdan emas, uch mahalla naridan koʻchib kelishgan boʻlsa ham U bolalar orasida «kelgindi» degan nom oldi. Uni «gap ta’sir qilmaydigan bez edi», desak xato gapirgan boʻlamiz. Bolalarning oʻyinga qoʻshmasliklari, ayniqsa «kelgindi» deb chaqirishlari Uning gʻazabini keltirardi. Ammo gʻazabga oshno boʻlib qolmaslik uchun oʻzida kuch topa olardi. U zohiran tengdoshlarining oʻyinini kuzatardi. Xayoli esa bu bolalar ustidan hukm oʻtkazish yoʻllarini izlash bilan band boʻlardi. Bir necha kun ichida U rejasini pishitdi. Otasi Maskovga qatnaydigan poezd restoranida ishlardi. Shuning uchun ham uylarida bu shaharda topilishi qiyin boʻlgan sigaret, shokolad, saqichlar koʻp edi. Mollar vaqtida sotilmagani uchun ba’zan toʻplanib qolardi. Otasi koʻpincha yoʻlda, onasi esa mollarni qayta-qayta sanashni yoqtirmas edi. U mana shundan foydalandi. Bir kuni maktabdan qaytdi-yu, ikkita «VT» sigaretini choʻntagiga solib, kinoxona tomon yurdi. Kinoxona ikki koʻcha narida, shu atrof mahallalarining zoʻrlari shu yerga makon qurishgan edi. Bolalar bulardan qoʻrqishardi. Zoʻrlarning zoʻri — Shomil degan gʻilay yigitcha erta-yu kech shu yerda. Kinoxona atrofida u oʻzini podshoday his etar, atrofidagi bolalar esa unga mulozimday xizmat qilishar edi.

U kinoxona roʻparasidagi anhor qirgʻogʻida ikki bola bilan gaplashib oʻtirgan Gʻilay Shomil tomon dadil yurdi. Gʻilay yoʻlga orqa qilib oʻtirgani uchun uning yaqinlashganini sezmadi. U Gʻilayga yaqinlashib, toʻxtadi. Indamay turaverdi. Yoʻlga yonbosh oʻtirgan, Gʻilayning oʻng tomonidagi bola Unga qarab: «He, chumo, ishing bormi?» deb soʻradi. U indamadi, bolaning «chumo» deb haqoratlaganini diliga tugib qoʻydi. Gʻilay Unga oʻgirilib qarashi bilan choʻntagidagi sigaretni olib uzatdi. Gʻilay sigaretlarni olib, yonidagi boladan soʻradi:
— Kim bu?
— Tomi ketganlardan bittasi-da,— dedi bola. Bu gap ham Uning diliga tugildi.
— Sigaret olib kelishni senga kim buyurdi? — deb soʻradi gʻilay.
— Hech kim.
— Oʻzingcha olib keldingmi?
— Ha.
— Nima uchun?
— Sizni yaxshi koʻraman.
— Yaxshi koʻrasanmi? Voʻ, klass! Nima uchun?
— Siz — zoʻrsiz!

Bu baho Gʻilayga yoqib, xaxolab kulib yubordi.
— Eshitdilaringmi, voʻ, klass! — dedi sheriklariga qarab.
— Oʻ, bor, quloqqa lagʻmon osma,— dedi oʻng tomonda oʻtirgan bola.
— Toʻxta, haydama,— dedi gʻilay Shomil,— ke, bratishka, oʻtir. Kallang bor ekan, sen ham zoʻr boʻlib ketasan. Oting nima?
— Hosil.
— Klass! Zoʻr ot! Sen proʻsta Hosil emas, Hosilboyvachcha boʻlasan. Ketvorgan boyvachcha boʻlasan! — Shomil shunday deb uning yelkasiga urib qoʻydi. Sigaretni ochib bittasini labiga qistirdi, soʻng sheriklariga tutdi.

U ertasiga ham sigaret olib keldi. Taklifni kutmayoq, Gʻilayning yonidan joy oldi. Bundan bolalarning gʻashi keldi, ammo Gʻilay indamagani uchun ular ham mum tishlab qolaverishdi. Shu-shu boʻldi-yu, U gʻilay Shomilning yonidan doimiy joy oldi. Maskovdan kelgan toza aroq (Shomil shunday deb baho berdi)lardan birini olib chiqqach, martabasi yana ham yuqorilaganday boʻldi.

Bir kuni oqshom chogʻi Shomilning yonidan qaytayotib koʻchasidagi bolalarning toʻp oʻyiniga duch keldi. Oʻyinga bir oz qarab turdi. Toʻp yonidan oʻtayotganida shartta tutdi-da, ustiga oʻtirib oldi. Uni «kelgindi» deb mensimaydigan bolalardan biri:
— Koptokni bu yoqqa choʻz! — deb buyurdi.

U tirjayib qoʻydi. Joyidan jilmadi. Uning maqsadi janjal chiqarish edi. «Yana bir doʻq ursin, soʻksin, keyin koʻradiganini koʻradi», deb oʻyladi. Lekin u bola boshqa baqirmadi, soʻkmadi. Toʻgʻrirogʻi, soʻkishga ulgurmadi. Boshqa bir bola kelib, qulogʻiga nimadir deb pichirladi. Aftidan: «Bu bilan hazillashma, Shomilning odami», dedi shekilli.

Doʻq urgan bola unga oʻqrayib qaradi-da, burilib ketdi. Oʻyin buzildi. Uning janjal chiqarish maqsadi amalga oshmadi — qal’a jangsiz taslim boʻldi. Bu Uning birinchi gʻalabasi edi! U choʻntagidan pichoqcha chiqarib, toʻpni ikkiga boʻldi. Tarqalmay turgan bolalardan biri «koptogim!» deb yubordi. U esa ishshaydi. Magʻrur holda choʻntagidan bitta oʻn soʻmlik chiqarib, boʻlingan toʻp ustiga tashladi.
— Oʻynaydigan boʻlsalaring, tuzukroq koptokda oʻynalaring,— deb magʻrur qadamlar bilan uyiga qarab ketdi. Bu — uning kibr yoʻlidagi dastlabki qadami edi. Koʻp oʻtmay xoinlik koʻchasidagi qadamini ham qoʻydi. U Shomilning oʻgʻirlik qilishini aniq bilmasdi, ammo gumoni bor edi. Bir kuni gap orasida otasining yaqin doʻsti boy ekani, savdogar ekanini aytdi. Shomil esa uyida nimalar borligi bilan qiziqdi. U bilganicha aytdi. Shomilga shu bilganlarining oʻzi kifoya qildi. Ikki kundan soʻng uni maktabidan, dars paytida chaqirtirdi.
— Bratishka, hozir paxaningning ogʻaynisinikiga borasan. Oti nimaydi, Hasanmi? Ha, opoqingga aytasan: «Hasan amakimni mentlar tutib oldi, narsalarni gum qilar ekansiz», deysan.

Unga bir gapni ikki marta tushuntirishning hojati yoʻq edi — Shomil aytganiday qildi. Uning hovliqib aytgan gapini eshitib opoqisi tamom gangib qoldi. Bir oz nima qilarini bilmay talmovsirab turdi-da, soʻng: «Voy, aylanay sendan», deb ichkariga boshladi. U esa oʻzini goʻllikka solib yordam berdi. Har xil qimmatbaho matolar, kiyimlar tugildi, tilla taqinchoqlar oʻraldi. Endi qoʻshninikiga olib chiqib yashiramiz, deb turishganida eshik qoʻngʻirogʻi jiringladi. Opoqi qoʻrqqanidan tugun ustiga oʻtirib oldi. U eshikni ochdi. Qarasa — qora «Volga», bashang kiyingan ikki yigit. «Bu kimning uyi?» deb soʻrab ham oʻtirishmadi. «Biz tintuv qilgani keldik», deb ostona hatlashdi. Semizligidan yurganida hansirab qoladigan opoqi tugun ustida haykalday qotgan, oyoq-qoʻlining yengil titrashidan uning hali hayot ekanini payqash mumkin edi. Yigitlar zinaga yaqinlashganda unda yana bir jon nishonasi sezildi: «Voy oʻldim, voy xonavayron boʻldim», deb figʻonini boshladi. «Sizlar kimsizlar, oʻzi? Tintuvga ruxsat qogʻozinglar bormi?» deyish xayoliga ham kelmas edi. Nazarida eri qamoqda azob chekmoqda, hozir uni ham olib borib ilon-chayon bilan toʻla zindonga tashlashadi.
— Agar mollarni yashirmay oʻz xohishingiz bilan topshirsangiz, eringizning gunohi yengillashadi. Uch-toʻrt oyda eson-omon qaytadi. Oʻjarlik qilsangiz, kamida oʻn yilga ketadi. Sherik sifatida siz ham qamalasiz, uyingiz musodara qilinadi,— dedi kelganlardan biri.
— Voy, qamalmay men oʻla qolay,— dedi opoqi yigʻlamsirab.— Mana, hammasi tayyor, hozir oʻzim olib borib topshiraman, deb turuvdim, Hosiljon, bolam, sen aytgin, topshirmoqchiydim, a? Ana qoʻshnim guvoh, ayt, bolam.
— Ha, topshirmoqchiydilar,— dedi U mingʻirlab.
— Sovet kishisining fazilati shunday, — dedi qoʻrqitayotgan yigit.— Halollik — sogʻlik garovi.

U ayvonga chiqib tugunlardan birining chetini ochib koʻrdi.
— Hammasimi? Yashirmadingizmi?
— Voy, yashirib goʻrimga ortmoqlab ketamanmi? Xudo ursin, hammasi shu, ana, guvoh bolam aytsin.
— Qani, bratishka, koʻtar, mashinaga olib chiq.

«Bratishka»... demak, «Shomilning odamlari», deb oʻyladi U. Tomoshadan zavqlangan holda, buyurilgan ishni bajardi.
— Ertaga soat oʻnda idoraga borasiz. Tilxat yozib beramiz.

Ular shunday deb chiqib ketishdi.

Tomoshani-ku, koʻrib maza qildi. Ayni choqda, tomosha nima bilan tugashini fahmlab, javoblarini ham puxtalab qoʻydi. Shomil oʻshanda Unga qoyil qolgan edi. Boshqa bola boʻlganida yugurib kelardi, «endi nima qilaman», deb zir titragan boʻlardi. Yoki uyidan qochib ketardi. U esa parvoyi palak — quyosh botishini kutib, uyida oʻtirdi.

Quyosh botdimi, demak, bozordagilar ham uy-joylari borligini eslashadi. Kun boʻyi ming qiyofaga kirib, dam aldab, dam yalinib, dam maqtab, Xudodan emas, nazoratchilardan qoʻrqib charchagan bozorchilar soʻnggi hunarlarini ishga solib, avtobusga kira haqi toʻlamay, uylariga yetib oladilar. Soʻng yostiqqa yonboshlab pul sanaydilar. Ana shu pulni sanash chogʻida bir kunlik hordiq koʻtariladi... Hasan aka esa bu shom yostiqqa yonboshlashga, pul sanashga ulgurmaydi. U Hasan akaning uyga kirib kelishini, xotini bilan uchrashishini oʻzicha koʻz oldiga keltirib kulimsirab qoʻyadi.

...Shubhasizki, Hasan aka uyga kirib kelgach, xotini dovdiraydi. Otasi goʻrdan qaytib kelsa bunchalik ajablanmas, ammo «kamida uch-toʻrt oy qamoqda oʻtirishi lozim boʻlgan» erining kirib kelishidan hayron boʻladi.
— Voy, Xudoyimdan aylanay, qoʻyib yuborishdimi, a? — deydi xotin.
— Kim qoʻyib yuboradi? — deb ajablanadi er.

Soʻng... boshlanadi. Soʻng... gʻazab otiga mingan er-xotin uzun-qisqa boʻlib kirib kelishadi.

Shunday boʻldi. «Onaginangni Uchqoʻrgʻondan koʻrsataman!» deb Hasan aka doʻq urdi. «Yergina yutkur, pismiq», deb xotini qargʻadi. Ularga otasi bilan onasi qoʻshildi. U esa kiprik qoqmay turaverdi. Faqat otasi urib yuborganidan soʻng tilga kirdi. U otasidan hech boʻlmasa bir shapaloq yeyishini, shapaloqdan keyin musht tushib qolmasligi uchun yigʻlamsirab baqirishi lozimligini ham hisobga olgan edi.
— Urmang! Agar ursangiz, bularning uyini yoqib ketishadi.
— Kim yoqadi? — deb soʻrashdi baravariga.
— Oʻsha odamlar.
— Sen ularni taniysanmi?
— Yoʻq. Koʻchada turuvdim. Bittasi keldi. Hasan akangnikiga kirib shu gapni aytasan, dedi. Men aytmayman, dedim. Aldayotgan boʻlsangiz, meni oʻldirishadi, dedim. U kishi «agar seni birov chertsa ham mana shu uyni yoqib yuboramiz», dedi. Agar kirib aytmasang, seni soʻyamiz, deyishdi. Mana bu yerimga pichoq tiqib olay dedi,— U shunday deb barmogʻini boʻgʻziga niqtadi. Onasi Uning gapiga chippa-chin ishonib, qoʻrqib ketdi. U esa gapi ta’sir eta boshlaganini sezib, soʻnggi, hal qiluvchi zarbani berdi: — Ishonmasangiz mentlarga xabar qiling. Hammasini aytib beraman. Ular oʻgʻrilarni topishadi.
— Mentlaring kim? — dedi opoqisi tushunmay.
— Milisa,— deb poʻngʻilladi U.
— Adasi, gapi toʻgʻri, a?
— Yoʻq, milisaning keragi yoʻq. Ularni oʻzimiz topamiz. Hasanjon oshna, buni menga qoʻyib bering, bilganlarini joniga qoʻshib boʻlsa ham sugʻurib olaman. Topilmasa, mollarning teng yarmi mening boʻynimda.

Ular chiqib ketishgach, otasi yana iskanjaga oldi. Yana urdi. Endi onasi yonini oldi.
— Aytmasam oʻldirishardi, deyapti-ku? Shularning moli deb mening bolam oʻlib ketishi kerakmidi?
— Hovliqma, e galvars, buningni qoʻrqitishgan. Bu hezalak bitta gapga laqqa tushgan.
— Laqqa tushmadim. Qoʻrqqanim ham yoʻq. Men hezalak emasman,— dedi U dadil.— Oʻldirmasligini bilardim. Lekin boshqa ishni albatta qilardi.
— Qanaqa ishni?
— Hasan akaniki boʻlmasa, biznikiga kirishardi. Shu koʻchadan ikkita uyni moʻljallashgan ekan.

Shu gapi boshi uzra quyuqlashayotgan abri baloni tarqatdi. Otasi shashtidan tushdi, onasi Uning aqliga tasanno aytdi.

U quruq qolmadi oʻshanda. Choʻntagi pulga toʻldi. Shomil uchun qilib yurgan barcha xarajatlari qoplandi. «Sizga bildirmay sigaret sotuvdim», deb onasiga ham puldan berib, olqish oldi. Qolgan pulni Shomilning atrofidagi bolalarni iydirishga sarflay boshladi. Shomil boshqalarga nisbatan koʻproq unga ishonardi. Shu ishonch tufayli Shomilning katta akalari davrasiga kirib bordi. Katta akalar bilan Uning orasida Shomil bor edi. Uni yoʻldan olish, katta akalarga vositachisiz yaqinlashishni oʻyladi. Bir necha uyni oʻmarishda yordam bergach, katta akalar ham uni yaxshi koʻrib qolishdi. Ana oʻshanda u aqlini ishga soldi. Shomilni mustaqil ishlashga unday boshladi. Shomil yoniga uch bolani olib, u koʻrsatgan uyga tushdi. U esa oʻsha zahoti militsiyaga xabar qildi. Bir marta sudlangan Shomil qulogʻini ushlab ketdi. U esa olgʻa boraverdi. Avval kinoxona atrofining mutlaq xoʻjayini boʻldi. Shomil bolalarni kuch bilan ushlab turardi. U esa puli bilan ushladi. Shomil qamoqdan qutulib chiqqanida Uning ta’sir doirasi ancha kengaygan, oddiy Hosil emas, chindan ham Hosilboyvachchaga aylangan edi. Shomilga xiyonat qilgan boʻlsa ham, qamoqdan chiqishini aniqlab, oʻzi kutib oldi. Shohona izzat koʻrsatdi.
— Xoinligingni bilsam ham seni sotmadim,— dedi Shomil unga.
— Siz — zoʻrsiz! Sotmasligingizni bilardim.
— Nimaga atrofimda pashshaxoʻrda boʻlyapsan, endi qoʻrqyapsanmi?
— Sizdanmi? — U kuldi.— Men hech kimdan qoʻrqmayman. Siz menga keraksiz. Men esam sizga kerakman. Siz — zoʻrsiz, lekin katta ishlar qoʻlingizdan kelmaydi.

Shomil bir-ikki kun surishtirib, mavqeini aniqlagach, Unga tobe boʻla qoldi. Ilgarilari U Shomilning yonidan jilmagan boʻlsa, endi Shomil uning yonidan jilmaydigan boʻldi. Gʻilayning oʻqrayib qarashiyoq koʻpchilik koʻngliga gʻulgʻula solardi. Ana shu qarash tufayli ayrim ishlar «Tinch yoʻl bilan hal etilar edi»...

Hosilboyvachcha hali keng qanot yoymasdan avval Asadbek pinjiga kirishga urinib ham koʻrdi. Uning niyati qal’a ichiga oʻtib, soʻng asta yemirish edi. Biroq qal’a sarkardalari U oʻylagandek anqov emas edilar — yaqinlashtirmadilar. Asadbek Uning turqini koʻrgandayoq ensasi qotdi. Chuvrindi Uning tarjimai holi bilan erinmay qiziqib, Asadbekni xavfdan ogoh etdi. U hatto Kesakpolvonga ham yoqmadi. «Bu mijgʻovning qoʻlidan faqat mijgʻov ishlar keladi», dedi. Na iloj, yoʻli toʻsilgan ekan. U ham anoyi emas, indamay orqasiga qaytavermaydi. Qal’ani qamal qiladi. Oʻn yilmi, yigirma yilmi, qamal qilib turaveradi. Oxir-oqibat qoʻlga oladi. Soʻng qoʻporib tashlaydi.

Keyingi voqealar, ayniqsa Qilich Sulaymonov voqeasi unga qal’a nuray boshlaganidan dalolat berdi. U avvaliga vinzavod boshqoniga yordam berdi. Soʻng qoʻl-oyogʻini bogʻlab egasiga topshirdi. Qilich Sulaymonov Hosilboyvachchaga suyanaman, deb goʻllik qildi. Bolalikdagi voqealar, gaplar uning esidan chiqqan edi, Hosilboyvachchaning esa xotirasi tiniq, oʻyinga qoʻshmagan, «kelgindi» deb haqorat qilgan bolani u hali unutmagandi. Qilich Sulaymonov bahonasida Asadbekka qarshi olib borayotgan pinhona urushi yashirin holatidan chiqa boshladi. Elchinni toʻyga taklif etib sharmanda qilganida buni koʻpchilik sezdi. U davri-davroni kelayotganini sezdi. Ayniqsa Jamshidning oʻlimi «dushman lageri»ning parokandalikka uchrayotganini ayon etdi.

Chuvrindinikiga fotihaga bordi. Maqsad — fotiha oʻqish emas, maqsad — Asadbekning, a’yonlarining rang-roʻyini koʻrmoq, kayfiyatlari qanday ekanini aniqlamoq edi. Asadbekni ham, Kesakpolvonni ham uchratmadi. Uni Chuvrindining yolgʻiz oʻzi, sir bermagan holatda kutib oldi.
— Kimning ishi ekan bu? — dedi Hosilboyvachcha.
— Dunyoda gʻalamislar kammi? — deb javob berdi Chuvrindi.
— Harholda gʻaflatda qolibsizlar. Bek akamga ayting, gʻaflat yomon narsa. Bu ikkinchisi, a?
— Ha, ikkinchisi.
— Bizga xizmat bormi? Topaylik oʻsha gʻalamislarni.
— E, boyvachcha, tashvish chekmang. Oʻrganning nonini yarimta qilmaylik. Gʻalamislarni topish — ularning yumushi. Biz tirikchilik orqasida tinchgina yurgan odamlarmiz...

Shu suhbatning ertasiga «Asadbekning qizi oʻzini osibdi» degan tahlikali xabarni eshitgach, unga koʻp narsa oydin boʻldi. «Bek aka tugabdilar, asfalasofilinga joʻnashlariga bir qadam qolibdi», deb qoʻydi.

Shu kuni Hosilboyvachcha qamal holati yakunlanganini angladi.

3

Zelixon biron gʻalva chiqmogʻini kutgan edi. Ammo bu qadarli fojia yuz berar, deb oʻylamagandi.

Beozorgina tong otdi. Bu tongni Ismoilbey odati boʻyicha namoz bilan, kichkintoylar uyqularida koʻrayotgan shirin tushlari bilan kutib olishayotgan edi. Ahadbeyning iltimosiga koʻra bu uyda tunagan Zelixon uxlaganday boʻlmadi. Har yarim soatda shovqin solib oʻtuvchi poezdning guldiragiga bu xonadondagilar koʻnikib qolgan, uxlayverishadi. Ismoilbey bomdodni oʻqiyotganida yana bir poezd oʻtdi-yu, Zelixon oʻrnidan turib ketdi. Ahadbey ham uygʻoq edi, oshnasining turganini koʻrib, u ham qaddini koʻtardi.

Ismoilbey namozni ado etib boʻlganidan keyin ham joynamozdan jilmadi. Otasining uzoq oʻtirib qolganidan ajablanib, Ahadbey unga qarab-qarab qoʻydi.

Quyosh koʻtarilganida bolalar ham turishib, barchalari birga oʻtirib nonushta qilishdi.
— Toʻyni bekor qoldirding, oshna, mana, hammasi tinchiganga oʻxshaydi,— dedi Zelixon choy icha turib.
— Tinchigani rost boʻlsin,— dedi Ahadbey.— Endi toʻyni qovun pishigʻida qilamiz.
— Inshoolloh,— dedi Ismoilbey oʻychan.— Bandalariga insofu tavfiq bersin. Zulmdan asrasin. Ya bani Odama! Inni harratu-z-zulma ala nafsii va jaaltahu baynakum muharraman fala tazalamuu.

Odamlar bilan gaplasha turib, ora-orada oʻzicha pichirlab qoʻyish Ismoilbeyning odati edi. Bu safar pichirlamay, hamma eshitadigan qilib arabchalab gapirishi Zelixonni ajablantirdi.
— Gapingizga tushunmadim? — dedi u.
— Tushunmadingmi? Ha, bu hikmatni anglash qiyin. Anglagan taqdirda ham amalga oshirish mushkuldir. Boshqalarni qoʻyatur. Mana, sen, anglaganingda ham ijro etolmaysan.
— Shu qadar befahmmanmi yo ojizmanmi? Qani, ayting-chi. Balki...
— Olloh subhanahu va taolo aytadiki, «Ey odam farzandlari, men zulmni oʻzimga harom qildim va uni sizlarning oʻrtalaringizda ham harom qildim. Bas, bir-birlaringizga zulm qilmanglar».
— Yaxshi gap ekan,— dedi Zelixon.— Lekin menga tanbeh berganingizga tushunmadim. Men hali birovni oʻldirmaganman. Toʻgʻri, urganman, oʻmarganman, lekin oʻldirmaganman.
— Zulm faqat oʻldirishdan iborat emasdur. Yomon soʻz aytib birovning dilini ogʻritish ham zulmdir.
— Endi bu yogʻini juda tor olib yubordingiz. Ba’zan shunaqa holat yuz beradi-ki, biron ablahni oʻldirib faqat savob topasiz. Mana, Selimni doʻpposladim. Ahadbey koʻrdi. Aslida qilmishi uchun uni oʻldirishim shart edi.
— Al qasosu minal Haq! Jazo berishga senda huquq yoʻq. Jazolovchi qodir Xudodir.
— Xudo u ablahni jazolagunicha, dunyoni ostin-ustin qilib yuboradi.

Ismoilbey Zelixonga gap uqdirib boʻlmasligini bilgani uchun «Bandalaringga insof ber», deb pichirlab qoʻyib, bahsni toʻxtatdi. Zelixon gapni chuvalamadi.

Dasturxon yigʻishtirilayotgan paytda koʻchaning narigi betidagi qoʻshni koʻrindi. Koʻcha eshik ochiq edi, shu sababli «Domlajon, uydamisiz?» deb kirib kelaverdi. Uch-toʻrt kundan beri soqol olishga hafsala qilmagan ellik yoshlardagi kishi Ismoilbey bilan qoʻshqoʻllab soʻrashdi. Dasturxonni qayta yozishmoqchi edi, unamadi.
— Bozorga bormoqchiman, domlajonni bir ziyorat qilay, dedim. Koʻchaga chiqib qarasam, darvozamning tepasiga chorsi bogʻlab qoʻyilibdi. Yap-yangi, deng. Yechib, belimga bogʻlab oldim, — u kulimsirab belbogʻni koʻrsatdi. — Hoynahoy domlajonning nabiralari bogʻlashgandir, sovchi qoʻymasdan oldin turklar shunaqa qilarmikin, deb fikr qildim.
— Yigitali aka, bizda bunaqa odat yoʻq. Sovchi qoʻyishga hali besh-oʻn yil bor.
— Endi bu bir omadi gap-da, Ahadbey inim. Hozirdan chorsi bogʻlab turilsa, chorsidan yalchib qolarmidik, deyman-da. — U shunday deb kuldi-da, ajablanib qarab turgan Zelixonga koʻzi tushib, jiddiylashdi. — Bu hazil, domlajon, omadi gap shuki, men munday qarasam, yana uch-toʻrt darvoza tepasiga bogʻlangan. Shunga boshim garang boʻldi. Bozorga borishga ham oyogʻim tortmay qoldi. Yoʻldan qaytdim. Yuragimga bir gʻulgʻula oralaganga oʻxshaydi.

Yigitalining keyingi gapini eshitib, Ismoilbey boshini egdi. Uning yuragi bir necha kundan beri notinch edi. Bir necha kundan beri koʻzini yumdi degunicha, ona yurti Mesxetiyani koʻradi. Dengiz mavjlari koʻzlarini quvnatadi. Dengiz sohilida, qirgʻoqdagi mayda toshlarni ohista silayotgan ojiz toʻlqinlarni bezovta qilib yugurayotgan ishtonchan bolani koʻradi. «Sen kimsan?» deb soʻraydi ajablanib. Bola qiqirlab kuladi. «Men — oʻzingizman, men — Ismoilbeyman. Men bunda bobomni kutayotirman». Hayotni faqat shodlikdan iborat deb oʻylovchi bola — Ismoilbey qiyqirib, quvnab yuguradi. Dunyodan rizqi uzilay deb turgan qariya — Ismoilbey esa unga havas bilan qaraydi. Unga ergashib yugurgisi keladi. Ammo oyoqlarini yerdan uza olmaydi. Bola — Ismoilbey yuguradi. Sachragan suv tomchilari quyosh nurida zumrad misol bir tovlanish beradi-yu, yana oʻz oʻrniga qaytadi. Bolaning quvnashidan dengiz ham mast, quyosh ham yayrab nur sochadi... Soʻng... dengizning ufqqa tutash yerini yondirib quyosh botadi. Soʻng Oy koʻtarilib, bu yongʻindan aziyat chekkan dengiz yuzini silab, ovutadi. Oy nuri dengiz uzra uzun poyandoz soladi... Shu onda poyandoz ustida bobosi koʻrinadi. Bola — Ismoilbeyni koʻtarib, yelkasiga oʻtqizadi. Iziga qayta boshlaydi. Bola xursand. Bobosi gʻamgin. Indamaydi. Nur poyandoz boʻylab yuraveradi. Qariya — Ismoilbey bobosini chaqiradi. Javob boʻlmaydi. Soʻng u ham poyandozga oyoq qoʻyadi. Yuraveradi, yuraveradi... Oxiri dengiz tubiga qarab tusha boshlaydi. Bola — Ismoilbey bilan bobosini suv yutadi. Uning esa nafasi qayta boshlaydi... Choʻchib uygʻonadi. Kalima keltiradi... Necha kundan beri ahvol shu. «Bu nimadan darak beradi?» deb oʻylaydi. Oʻy oʻylab, oʻyining nihoyasiga yeta olmaydi.

Yigitalining gapi xavotirini yana uygʻotadi.
— Kimlarning uyiga chorsi bogʻlanibdi? — deb soʻradi Ismoilbey.
— Haydarali, Muhsinali, Ziyodali, Niyozali...

Bu mahallada oʻzbeklarga nisbatan turklar koʻproq edi. Yigitali nomini tilga olgan odamlar oʻzbeklar boʻlgani uchun, Ismoilbeyning gumoni haqiqatga aylanganday boʻldi. Lekin Yigitaliga sir boy bermadi.
— Yigitali, siz bozorga bahuzur boravering. Bu bolalarning bir oʻyini boʻlsa kerak-da.

Yigitali chiqib ketgach, Ismoilbey Zelixon bilan Ahadbeyni yoniga chorladi:
— Bu oʻyinda bir shumlik bor koʻrinadi, — dedi u. — Ziyrak boʻlinglar. Kimdir oʻzbeklarning uylarini belgilab chiqibdi. Shu uylarga balo yogʻilmasin, ziyrak boʻlinglar.

Zelixon nonushtadan keyin ketmoqchi edi. Bu gapni eshitib, joyidan jilmadi. Barchalarining koʻngliga bulut soya tashlagan, biroq ular bu bulutning nomi ofat ekani, undan tez orada yogʻajak ofat yomgʻirining necha shirin jonlarni sugʻurib olmogʻini, necha odamlarning sargardonlik balosiga mubtalo etmogʻini bilmas edilar.

Bu tong quyosh beozorgina bosh koʻtargan edi. Odati boʻyicha beozor nur sochardi. Ajabki, bu beozor nur-dan gʻofil bandalar ham, ahli shaytanat ham nur emardi.

Ofat buluti kutilmagan tezlikda, kutilmagan yovuzlik doʻlini yogʻdirib bu mahallaga ham yetib keldi. Bulutning sovuq shabadasini avval Yigitali keltirdi. U hovliqib kirdi-da:
— Domlajon, omadi gap shuki, dam gʻanimat! Turklarning uylariga oʻt qoʻyishyapti! Oʻzlarini kaltaklashyapti, qochinglar! — dedi.
— Kim yoqyapti, kim uryapti? — deb soʻradi Zelixon.
— Kim boʻlardi? — dedi Ahadbey unga javoban. Oʻgʻlining zaharli gapini eshitgan

Ismoilbey bosh chayqadi:
— Unday gumon qilma, oʻgʻlim. Non bergan jon olmaydi.

Mahallaning kunbotar etagidan quyuq qora tutun oʻrlay boshladi.
— Qaranglar! — dedi Yigitali.
— Bolalar qani?! — deb baqirdi Zelixon. — Tez boʻl!

Ular koʻchaga chiqishganida olomon koʻrindi.
— Biznikiga, biznikiga kiringlar, — dedi Yigitali hovliqib.

Fikrlashmoqqa, maslahatlashmoqqa fursat yoʻq edi. Hammalari vahima toʻriga oʻralgan holda Yigitalinikiga otilishdi.
— Darvozaga bogʻlangan chorsining ma’nosini endi tushundingizmi? — dedi Zelixon. — Oʻzbeklarning uyini belgilashgan, bu uylarga tegishmaydi.
— Men ahmoq, uni yechib olibman, — Yigitali shunday deb, koʻchaga chiqdi.

Odamlarning hayqiriqlari, faryodlar, yonayotgan uylarning tomidagi shiferlarning otash zabtiga chidamay qarsillab yorilishi — hammasi ayqash-uyqash boʻlib ketdi.

Olomon Ismoilbeyning uyiga yaqinlashganida Yigitali ularning yoʻlini toʻsmoqchi boʻldi.
— Hoy, yaxshilar, bu uyda domla turadilar. Tegmanglar, Xudodan qoʻrqinglar!

Olomonni boshlab kelayotgan malla odam unga tanish koʻrindi. Biroq uni qaerda koʻrganini bu sarosimada eslay olmadi. Malla benzin toʻldirilgan plastmas idishni qoʻltiqlab olgan edi. Yigitali uni qoʻlidan ushladi.
— Birodar, bu uyga tegmanglar. Domlaning uyi. Bolalarimizni oʻqitgan.
— Nari tur! — malla shunday deb soʻkindi-da, tirsagi bilan qattiq turtdi.

Yigitali shundan keyin esladi: buni kecha oqshom chogʻi shu koʻchada koʻrgan edi. U oʻziga oʻxshagan uch-toʻrttasi bilan koʻzlari olazarak holda koʻchadan sekin oʻtib borayotganida Yigitali: «Birodarlar, birovni qidiryapsizlarmi?» deb soʻrab, «Ammangning erini, bor ishingni qil», degan javob eshitgan edi.

Koʻkragidan zarba yegan Yigitali achchiqlandi-da, uni yoqasidan oldi:
— Tegma, deyapman senga, itdan tarqagan!

Malla uning oyogʻiga zarb bilan tepdi. Yigitali ogʻriqqa chidolmay choʻkkalab qolganida jagʻidan tepki yeb, choʻzildi. Malla bir oyogʻi bilan tomogʻini ezgan holda ustidan benzin quya boshladi. Ana shu onda Zelixon eshikdan moʻraladi. Mallani tanidi — Fedya! U yashin tezligida eshikni ochib, koʻchaga otildi. «Fedya!» deb baqirdi. Fedya ovoz qayoqdan kelganini fahmlamay turib jagʻiga tushgan musht zarbidan qalqib ketdi. Qorniga tushgan tepkidan bukchayib, qoʻlidagi idishni tushirib yubordi. Zelixon hushidan ketayozgan Yigitalini turgʻizmoqchi boʻldi.
— Oʻzlaringning oʻzbeklaringni oʻldirtirib tomosha qilib turasanlarmi! — deb baqirdi Zelixon olomonga qarab.
— Urlaring, bu turkni! — deb baqirdi jon achchigʻida Fedya. Shu zahoti Zelixon gardanida ogʻriq sezdi. Yigitalining: «Birodarlar, bu turk emas!» degan baqirigʻini eshitdi. Eshitdi-yu, hushidan ketdi. Dimogʻiga achchiq tutun kirib, koʻngli aynidi.

II bob

1

«Man zalla fi nafsihi rafa’allohu qadrahu va man azza fi nafsihi azallahu fi a’yuni ibodihi»[2].

Asadbek bu hikmatdan bexabar edi. Bola chogʻida, bunday hikmatlar qalbiga muhrlanishi lozim boʻlgan pallada otasi urushda edi. Onasi tirikchilik tashvishidan ortmasdi. Mahalladagi qari-qartanglar ham bolalarga odob oʻrgatish yumushiga befarq boʻlib qolgan edilar. Goʻyo ular urush tamom boʻlganidan keyin ham hayot davom etajagini, jamiyat yaxshi xulq egalariga muhtoj boʻlajagini unutgan edilar. Barcha oʻz qaygʻusi, oʻz tashvishi bilan band edi. Keyinchalik ogʻir zamonlar oʻtdi. Qorin toʻydi. Ammo ruh och qolaverdi. Odamlar esa bargsiz, mevasiz daraxtga aylandilar.

Asadbekning ruhi ba’zan ochlikdan chirillar, vujudini tilka-tilka qilib tashlardi. U chorasiz, bu yoshda endi ruhini toʻydira oladigan ozuqa topa olmas edi. Ruhi och odamning bu dunyoda umr kechirmogʻi ogʻir, juda ogʻir. Mol-mulk hisobsiz, ammo ruh och. U ba’zan holatiga oʻzi ham tushunmay oʻyga toladi: «Menga yana nima yetishmaydi?» deb oʻziga-oʻzi savol beradi. Savol berishga beradi-yu, javob topa olmaydi. Bu ojiz banda bilmaydi-ki, boylikda hech qanday ulugʻvorlik yoʻqtur. Boylik — sokinday koʻringan dengiz uzra qurilgan bir qasrdir. Dengiz bir chayqalsa, tamom, qasrdan nom-nishon qolmas.

Sirtdan qaragan kishiga balki u baxtli koʻrinar. Asadbek faylasufona fikrlar bilan mashgʻul boʻlmoqni yoqtirmaydi. Mushohada qilmoqni Chuvrindiga chiqargan. Bir kuni u: «Kimning qalbi boʻlmasa — u baxtsizdir», degan edi. Kesakpolvon: «Bunaqa gaplaring bilan miyamning astarini teskari qilib yuborasan», deb soʻzini boʻlgan, Asadbekka esa mana shu hikmat yoqqan edi. Hatto bir necha kun bu hikmatning magʻzini chaqmoqchi boʻlib oʻylanib ham yurdi. Keyin esa... yodidan chiqardi.

Zaynab oʻzini osgach, xotirasining qay bir burchaklarida gʻaflat bosib yotgan bu hikmat uygʻondi. «Mening qalbim yoʻqmi, men baxtsizmanmi?» degan savol uni ogʻir ahvolga solib qoʻydi. Qizining oʻzini osib qoʻyganini eshitib qoʻrqdi. Nimadan qoʻrqdi — bilmaydi. Zaynab oʻgʻirlanib, soʻng qaytib kelgan mahalda, «bundan koʻra oʻldirib yuborganlari yaxshi edi», degan oʻyga ham borgan edi. Qizi ajal bilan yuzma-yuz boʻlganida esa, qoʻrqdi. Kechagina nomus unga hukm oʻtkazgan edi. Shu nomus bandiligida Jamshidga oʻlimni ravo koʻrgan edi. Bugun nomus tuygʻusi uni tark etdi. Bolasining oʻlishi mumkinligi uni qoʻrquvga soldi. Shu qoʻrquv tufayli qizi yotgan uyga kirishga yuragi betlamadi. Manzura fojianing sababini bilmas edi. U esa, aniq bilmasa-da, taxmin qilardi. Shu bois uyga kirib qizining koʻziga qarashga botinmas edi. Manzura bir-ikki hovliga chiqib, unga ma’nodor qarab qoʻygach, kirishga majbur boʻldi. Zaynab koʻzlarini shiftga qadab yotardi. Otasi kirganini bilsa ham, hatto kiprik qoqmadi. U oʻzini osganini biladi. Ammo hozir tirikmi yo oʻlikmi ekanini bilolmaydi. Onasining yigʻlamsiragan ovozini eshitadi. Biroq gaplarini durust uqmaydi. Otasi kirdi, tomoq qirdi. Endi u ham «Qizim...» deb gap boshlaydi...

...Kumush oʻlar chogʻida qaynotasi kirar edi. Kumush, ahvoli ogʻir boʻlsa ham bir qoʻzgʻolar edi. U esa qilt etmay yotibdi. U Kumushning taqdiriga yigʻlagan edi, unga kim yigʻlaydi? Shu fikr Zaynabning xoʻrligini keltirdi. Kipriklari pirpirab, koʻzlarida yosh qalqidi. Asadbek buni koʻrdi. Birdaniga uning ham yigʻlagisi keldi. Oʻzini nochor sezdi.

«Bolang oldida qaddingni bukma! Hamisha adl tut. Hamisha dadil yur. Bolang seni yerparchin holda koʻrmasin. Dardga taslim boʻlganingni sezmasin. Seni hamisha kuchli deb bilsin va faxrlansin!» — mana shu aqidaga qattiq rioya qilib yashayotgan Asadbekda qaddini bukmoqqa moyillik sezildi. Beldan quvvat, oyoqdan mador ketganday tuyuldi. Ammo ojizlik hissi unga bir daqiqagina hukm oʻtkazdi. Bir daqiqadan soʻng u asliga qaytdi.
— Qizim...

Zaynab boshini burib, otasiga qaradi. Asadbek bu qarashda «Jamshid akamni nega oʻldirdingiz?» degan savolni oʻqidi. Zaynab bu savolni tilga chiqarib soʻragan taqdirida ham javob ololmas edi. Koʻzlarda zuhurlangan savoldan qutulish oson — nigoh olib qochilsa kifoya. Asadbek shunday qildi.
— Qizim... oʻzingni tut. Hammasi yaxshi boʻladi, — dedi. Keyin yana Zaynabga qaradi.
— Nima yaxshi boʻladi? Jamshid akamni tiriltirish qoʻlingizdan keladimi? — deb savol berdi Zaynabning koʻzlari.

Javob oʻrniga yana nigohini olib qochdi. Bu holda uzoq turolmasligini bilib, ohista burildi-da, uydan chiqdi.

Zaynab otasining izidan qarab qoldi. «Hammasi yaxshi boʻlarmish... Bir odam bekordan-bekorga oʻlib ketdi. Endi nimasi yaxshi boʻladi? Ha, men oʻlmay qoldim. Bularga shunisi yaxshi boʻldi. Bir oz oʻzimga kelganimdan keyin erim olib ketadi. Vujudimizni yana soxta mehr niqobi bilan chirmab yashayveramiz. Keyin bola tugʻiladi... «Bola tugʻilganidan keyin meni oʻldiring», deyman. «Sizga xiyonat qildim», deyman. Yolgʻon gapiramanmi? Nima uchun yolgʻon gapirishim kerak? Oʻldirsin, debmi? Oʻldirarmikin? Oʻldira olarmikin? Mendan oʻlim qochdi...»

Oradan koʻp oʻtmay hovlida Elchin koʻrindi.

Bu paytda Asadbek Kesakpolvon bilan katta xonada oʻtirar edi. Elchinni koʻrib, Kesakpolvonga «chaqir uni» degan ma’noda qaradi. Kesakpolvon hovliga chiqqunicha Elchinni Manzura qarshilab Zaynab yotgan xonaga boshladi. Manzura ichkari kirmay ostonada qoldi. Shunda Kesakpolvon «Yanga!» deb chaqirdi. Manzura qarashi bilan «kuyovni bek chaqiryapti» degan ma’noda imladi. U xonaga qaytib kirganida Asadbek oʻrnidan turib olgan, qoʻllari orqasida, boshini sal eggan, qovogʻi esa uyulgan edi. «Kuyovini koʻrib, fe’li aynidi-ku?» deb oʻyladi Kesakpolvon. Asadbek turib olgani uchun u ham joyiga borib oʻtirmadi. Elchin kelmasidan avval ham gaplari qovushmayotgan edi. Kesakpolvon Asadbekning fe’lini yaxshi bilgani uchun «nima boʻldi?» deb soʻrab oʻtirmadi. Yupatishga ham harakat qilmadi. U xoʻjasi boshiga savdo tushganini fahmladi. Bunday paytda uning yonida boʻlmogʻi shart ekanini eslatish ortiqcha. Gap-gapga qovushmasa ham, umuman, gapirilmasa ham mayli, Asadbekning yonidan jilmaydi. Asadbek soqov boʻlsa, u ham soqov, yursa yurar, oʻtirsa oʻtirardi. Asadbekning jahli chiqqanida yoki yuragi siqilganida Kesakpolvon oʻzini bilmaganga oladi. Xoʻjayinni gapga solib, koʻnglini yumshatishga harakat qilmaydi. Asadbek qadrdon a’yonining bu qiligʻiga koʻnikib qolgan, uning soyaga aylanib yurishi gʻashini keltirmaydi. Hozir ham koʻp yillar mobaynida shakllangan bu an’ana buzilmadi.

Elchin kirib kelganida ular katta xona oʻrtasida tik turgan holda gaplashishardi. Elchin ostona hatlab salom berishi bilan Asadbek dargʻazab koʻzlarini unga qadadi-da, ustiga tik bosib keldi. Salomiga alik boʻlmadi. Faqat:
— Jamshidda nima qasdingiz bor edi?! — dedi titroq ovozda.
— Jamshidda? — Elchin Zaynabning gaplaridan ajablangan boʻlsa, bu ayblovdan tamom gangidi. — Nima boʻldi oʻzi, hozir eshitdim.

Gapini tugatishga ulgurmasidan Asadbek uni giribonidan oldi.
— Jim yurgin, deganmidim? Qasosingni olgan eding-ku?
— Bek aka, avval gapimni eshiting. Hozir Fargʻonadan kelyapman, axir.
— Haydar, Shilimshiq qanday oʻldirilganini koʻrganmiding? — dedi Asadbek uni qoʻyib yubormay. — Ayt bunga, koʻrganmiding?
— Koʻrgandim.
— Jamshidni-chi?
— Koʻrdim. Xuddi oʻsha daraxtga osib, haligisi kesib tashlanibdi.

Asadbek Elchinning giribonidan qoʻlini oldi-yu, oʻsha zahoti jagʻiga musht tushirdi. Elchin gandiraklab ketdi. Oʻzini oʻnglashga ulgurmay Kesakpolvonning tepkisini yedi. Asadbek gʻazab otiga minib tomosha koʻrsatmayotgan edi. U Jamshidning oʻlimida chindan ham Elchinni aybli deb topdi. Nazarida, Elchin daydib ketmay uyida oʻtirganida, xotiniga yaxshi qaraganida bu koʻrgiliklar yoʻq edi...

Kesakpolvon esa Asadbekning harakatini boshqacha tushundi: Asadbek aybni kuyoviga agʻdarib uning qoʻl-oyogʻiga kishan urib olmoqchi. Birga boʻlganlaridan beri kimki Asadbekdan musht yesa, Kesakpolvonning tepkisidan ham bebahra qolmagan. Bu qiliq odat darajasidan chiqib, qonun martabasiga yetgan edi. Asadbekning qahridan choʻchuvchi odam uning mushtidan emas, koʻproq Kesakpolvonning tepkisidan qoʻrqardi. Hozir ham shu qonun kuchga kirdi. Kesakpolvon kaltafahmlik qilib, tepayotgan odami xoʻjasiga kuyov ekanini oʻylamadi. Asadbek esa roʻparasidagi odam kuyovi ekanini unutmagan edi. Yana tepishga chogʻlangan Kesakpolvonni nari itardi.
— Buni tepishga haqqing yoʻq!

Elchin tisarilib, devorga suyandi. Nafasi qaytdi.
— Qadamingni oʻylab bos, bola, — dedi Asadbek, unga gʻazab bilan tikilib. — Endi sal nari-beri yuradigan boʻlsang, Jamshidning orqasidan joʻnaysan. Endi ayab oʻtirmayman!

Elchin bukchaygan holida tashqariga chiqib, ayvonda bir oz oʻtirdi. Manzura kuyovining ahvolini koʻrib yaqinlashmoqchi boʻldi-yu, derazadan qarab turgan eriga koʻzi tushib, jur’at etolmadi.

Asadbekning bergan tanbehi Kesakpolvonga yoqmadi.
— Ilgari bunaqa demas eding, — dedi gina bilan.
— U mening kuyovim. Haqqing yoʻq tepishga.
— Shu gapni uning oldida aytasanmi?
— Jirillama, senga kim qoʻyibdi nozu firoqni.

Kesakpolvon nojoiz gina qilganini tushunib, tarang vaziyatni yumshatish yoʻliga oʻtdi.
— Uning boʻyniga ilib yaxshi qilding. Endi oʻpkasini bosib oladi.
— Aqling yetmagan ishlarga aralashma.

Kesakpolvon indamadi. Bunaqa paytda Asadbekka Chuvrindini roʻpara qilish kerak. U xoʻjasini gʻazab otidan avaylab tushirib oladi. Ba’zan Asadbekning oʻzi bu otdan qanday tushganini bilmay ham qoladi.

________________

2

Qoringa bexos tushgan tepkining zarbi har nafas olganida oʻz kuchini koʻrsatadi — ogʻriq zoʻrayib, joni tanasini tashlab qochishga ham tayyor boʻlib qoladi. Qamoqda ekanida, «Oʻqilon»ning amri yetib bormay, zoʻrlardan bir-ikki tepki yegan, ammo bunchalik azob chekmagan edi. Bunisi kutilmaganda boʻlgani uchunmi yo zarba benihoya kuchli edimi, harholda bukchaytirib qoʻydi. Ogʻriq zabtiga olardi, u hatto «biron yerim uzilib tushdi shekilli, hademay qon qusib oʻlsam-a?» deb ham oʻyladi. Bu fikr oriyatni uygʻotdi. Oriyat tan azobidan kuchlilik qilib, ayvonda koʻp oʻtirishga qoʻymadi. Oʻrnidan turdi. Qaddini koʻtarishga harakat qildi. «Oʻladigan boʻlsam ham shu yerda, shularning oldida oʻlmay. Azob chekib, jon berayotganimni koʻrishmasin. Undan koʻra koʻchada itday xor boʻlib oʻlganim yaxshi...» Elchin shu fikrda dadil yurmoqqa intildi. Hatto boloxonada oʻgʻrincha qarab oʻtirgan yigitlarga qarab, jilmayib ham qoʻydi. Koʻchaga chiqib oʻttiz qadamcha yurgach, orqasiga qaradi. Hech kim kuzatmayotganiga ishonch hosil qilgach, daraxtga suyanib, tin oldi. Soʻng qaddini bir oz eggan holda yana yurib ketdi. Ellik qadamlar yurgach, ogʻriq kuchaydi, koʻngli aynidi. Toʻxtadi. Devorga suyanib oʻtirdi. «Boshlanyaptimi? Jon talvasasi shu boʻlsa kerak. Chiqib ketganim yaxshi boʻldi. Ancha yurib qoʻydim shekilli?..» U kelgan yoʻliga qaradi. Shunda Asadbekning darvozasidan bir yigit chiqqanini koʻrdi. Yigit yon-atrofga alanglab oldi-da, mashinaga oʻtirdi. «Arining uyasi buzilibdi-ku, kim choʻp suqibdi?» deb oʻyladi u. Xayolidagi bu savolga javob topmay turib roʻparasida mashina toʻxtadi. Haydovchi yigit oʻtirgan yerida choʻzilib, yon eshikni ochdi-da: «Akaxon, oʻtiring», dedi. «Menga rahm qildilarmi? — deb gʻijindi Elchin. — Mehribonchiligingni onangga qil... he...» U oʻrnidan turib, yura boshladi. Yigit uning qadam olishiga moslab mashinani sekin yurgʻizdi. Mashina eshigini yopmadi. «Oʻtiring», deb boshqa lutf ham qilmadi. Elchin bu tomosha atrofdagilar uchun kulgi boʻlarini anglab, toʻxtadi. Yigitni soʻkmoqchi edi, oʻzini tiydi. «Bunda nima ayb? Unga buyurishgan. «Olib borib qoʻy», deyishgan. Olib borib qoʻyadi. «Oʻldirib kel», deyishgan boʻlsa, oʻldirib keladi. Bir jihatdan shunisi ham durust — mushkulimni oson qiladi». Shu fikrda mashinaga oʻtirdi. Yigit «Qayoqqa olib borib qoʻyay», deb soʻrab ham oʻtirmadi. Hatto «Baribir oʻtirar ekansan, noz qilishing nimasi edi», degan ma’noda qarab ham qoʻymadi. «Bu sodiq laychalarning hammasi kamgap-a?» deb oʻyladi Elchin. U oʻrindiqqa yastanib oʻtirib, chuqur-chuqur nafas oldi. Ogʻriq bir oz pasayganday, tepki zarbidan goʻyo bir-biriga chirmashib tarang tortilib qolgan ichaklari boʻshashganday tuyuldi.

Ogʻriq chekinishi bilan fikri tiniqlasha boshladi. Xayoliga yangi yil kechasi keldi. Eshikning qiya ochilishi... Jingalak sochli yigit... Salom-alik yoʻq, «siz falonchimisiz?» deyish yoʻq. «Sizni Bek aka chaqiryaptilar», deb mashinasi tomon yurgan edi. Elchin oʻshanda ham yarim soat-bir soatdan soʻng tirik qaytadimi yo murdasi koʻchaga, qaysi bir axlatxonaga olib chiqib tashlanadimi, bilmas edi. Hozir ham bilmaydi. Yigit yoʻldan koʻzini uzmagani holda labiga sigaret qistirib, tutatdi. Dimogʻiga tutun urilib, Elchinning ham chekkisi keldi.
— Chakishdan ol! — dedi buyruq ohangida. Bu ohangdan oʻzi ham taajjublandi. «Hechqisi yoʻq, buyruq qilishga haqqing bor. Sen xoʻjayinning kuyovisan», deb taskin berdi ichki bir ovoz. Shu onning oʻzida boshqa bir ovoz qitmirlik bilan «oʻlimga mahkum etilgan kuyovsan», deb qoʻydi. Elchin past ovozda buyurdimi yo shovqinda eshitmadimi, yo oʻzini eshitmaganga soldimi yo «sening buyrugʻing menga oʻtmaydi» dedimi, harholda sigaret uzatmadi.
— Chakishdan ol! — deb buyurdi Elchin balandroq ovozda.

Yigit endi uzr ma’nosida qarab olar, deb kutgan edi. Yoʻq, qaramadi. Indamay sigaret qutisini uzatdi. Yangi yil kechasi ham shunday boʻlgan edi. Elchinning «Chaksam maylimi?» degan savoliga Jamshid yoʻldan koʻzini uzmagan holda sovuqqina qilib «Ha» deb qoʻygan edi. «Uni kim oʻldirgan ekan? — deb oʻyladi Elchin. — Oʻldirish niyatim borligini Asadbek qayoqdan bildi? Yo taxmin qildimi?» Elchin Asadbekning niyatini anglamas edi. Birgina u emas, boshqalar ham koʻpincha gʻaflatda qolishardi. Agar maqsadi barcha uchun ochiq-oydin boʻlsa, uning Oʻqilonligi qayda qoldi? «Nima uchun mendan gumon qiladi? Mensiz ham bir-birlarini oʻldirib yurishibdi-ku?» Asadbekning odamlarini yaqin yillar ichi birov chertishga ham jur’at etolmayotganini bilmagani uchun ham Elchin shu fikrga bordi.
— Bular jinni boʻlib qolgan... — xayoliga kelgan gapni beixtiyor ovoz chiqarib aytdi. Yigit bu gapni eshitib, qarab qoʻyganday boʻldi. Elchinning yana qitmirligi tutdi.
— Akalaring jinni boʻlib qolishibdi.

Bu gapni aytishga aytdi-yu, yigit bexos tarsaki tortib yuborarmikin, deb kutdi. Yigit hatto qarab ham qoʻymadi. «Ha... oʻzim jinniman... Bulardan oʻchimni olgunimcha jinni boʻlaman, shekilli...»

Mashina koʻchasiga burilgach, «Demak, oʻldirish haqida buyruq olmabdi», deb oʻyladi. Yashirin qitmir ovoz esa «uyingda oʻldirib ketsa-chi? Xuddi Noilangga oʻxshab...» dedi. Mashina darvozasi roʻparasida toʻxtadi. Yigit «tushing» ham demadi, «keldik» ham demadi. Elchinning qitmirligi tutib oʻtiraverdi. Keyin: «Bu bola bilan pachakilashganimdan nima foyda?» deb oʻylab, mashinadan tushdi. U eshikni yopishga ham ulgurmay mashina xuddi poygaga shoshilganday shasht bilan qoʻzgʻoldi.

Elchin darvozaga yaqinlashib, kalit soladigan yerga qistirilgan qogʻozni koʻrdi. «Shumtakalarning qiligʻi», deb oʻylab, qogʻozni oldi. Qogʻoz hafsala bilan naycha kabi oʻralganidan fahmladiki, bu bolalar ishi emas. Qogʻozni ochib, chap tomonga qiyshaytiribroq yozilgan harflarni tanib, jilmayib qoʻydi.

«Akobiru otarchi, al hofizu habibul Asadbek!

«Al muridu yatlubu val murdu yahrabu». Ya’nikim, xohlovchi qidiradi, murod esa qochadi, deganlaridek, kamina poyi qadamingiz yetgan tufroqni koʻzga surtgali kelib, muborak ostonangizni koʻz yoshlarim bilan sugʻorgumdir, toki bul tufroqda mehr chechaklari ungʻay.

B a y t:

Koʻpayishib qolganmish toʻylaringiz,

Pulga toʻlib qolgandir choʻntagingiz.

Begingizdan izn tekkan mahallarda,

Biz ham koʻrib qolaylik boʻylaringiz.

Adoyi Anvaringiz».

Bu satrlarni oʻqigach, uning chehrasi ochildi. «Kayfiyati yaxshi ekan, shoirning», deb qoʻydi. Doʻstini koʻrgisi keldi. Shunday tuygʻu unda qamoqdan qutulib qaytgan kuni uygʻongan, doʻstining jinnixonada ekanini bilgach esa, yurak-bagʻri ezilib ketgan edi. Unda koʻrgisi kelgan, ammo borib koʻrish imkoni yoʻq edi. Hozir ham koʻrgisi kelyapti, imkoniyati ham bor. Ammo borishni istamadi. «Yana ixrab-sixrab oʻtirmay, kechroq borarman», degan qarorga kelib, uyiga kirdi-da, divanga choʻzildi.

Ertaklarda makoniga uchib kelgan dev yoki ajdaho «Uf-f... odam isi kelyapti!» deb chaqirilmagan mehmonni izlashga tushadi. Agar odam bolasida ham shunday is bilish qobiliyati boʻlganida Elchin bundan bir necha kun ilgari bu xonaga Jamshidning kirib chiqqanini sezardi. Mana shu ostonani hatlab oʻtishi ajal eshigini qoqish bilan barobar boʻlganini bilardi. Zaynabning koʻz yoshlari toʻkkanini anglardi. Balki Jamshidning «Sen uchun men oʻch olaman... Qasam ichaman... Agar seni himoya qiladigan erkak zoti qirilib bitsa, oʻzing oʻch olasan...» degani ham qandaydir sehrli yoʻllar bilan ayon etilarmidi...

Shu divandan uch qadamgina narida Jamshid turgan edi. Qasam ichganidan keyin Zaynab uning boʻynidan quchib, oʻpib qoʻygan edi... Alhol ertak boshqa, hayot boshqa. Inson sezgilari esa chegaralangan.

Elchin divanga choʻzilib, bitta yostiqni qorniga bosdi. Shu foyda qildimi, har nechuk ogʻriq nari chekindi. Badani orom ola boshlagach, fikrlari yanada tiniqlasha bordi. Hali mashinada ekanida uygʻongan oʻylari yana xayolini band eta boshladi. «Jamshid... Jamshid... qanday haromxoʻr edi u, — deb oʻyladi. Garchi marhumlar haqida yomon gap aytish durust emasligini bilsa-da, uni yaxshi soʻz bilan eslashni lozim topmadi. — Haromxoʻr edi u, ha, iflos edi, ablah edi. Qaysi ablah oʻldirdi uni, qaysi ablah meni lazzatdan mahrum qildi? Men uning qonini ichgim bor edi. Shunda qasos chanqogʻi oz boʻlsa-da, bosilardi. Endi-chi? Endi navbat Asadbekkami? Ha!» U hoziroq borib Asadbekni oʻldirmoqqa qasd etganday qaddini koʻtardi. Biroq oʻrnidan turmadi. Yostiqni quchoqlaganicha oʻtiraverdi. Xayoli esa uni shoshirib qoʻydi. «Shilimshiqning gapi toʻgʻrimi? Jamshid ham kirganmidi bu uyga? Zaynabning gapi-chi? Nahot? Kelib-kelib shu isqirtni yaxshi koʻradimi? Oʻshani deb oʻzini osadimi? Otasini oʻldirsam-chi? Otasini oʻldirganimda oʻzini osarmidi? Yoʻ-oʻq... Hali shu paytgacha hech kim otasining oʻlimidan kuyib oʻzini osmagan. U esa oʻsha hayvonning izidan bormoqchi boʻlibdi!...» Elchin jahl bilan yostiqni chetga uloqtirdi-da, oʻrnidan turib ketdi. Deraza oldiga borib hovliga qaradi. Sada boʻlib qolay degan rayhonlar soʻlibdi. Suvsizlik azobiga, quyoshning oʻtli tigʻiga bardosh bera olmabdi. Kirayotganida buni sezmagan edi. Nechukdir u hozir oʻzini shu sadarayhonday his etdi. Uning koʻngli, nainki koʻngli, ruhi ham soʻligan. Rayhonga-ku suv quyilsa darrov jon kirar. Soʻligan ruhga, koʻngilga davo bormi? Ilgari qonining har tomchisida muhabbat bor edi. Bu tomchilar Noilaning oʻlimidan soʻng chak-chak tomib ado boʻldi. Uning oʻrnini esa adovatning zaharli tomchilari egalladi. Shilimshiqning gapidan soʻng bu tomchilar tomirlarda koʻpira ketgan edi. Bugun esa yanada qizidi, yanada qudrat kasb etdi.

Jamshidning oʻlimi... Zaynabning oʻzini osishi... Asadbekning qahri... Elchin bu uch voqeani bogʻlab turuvchi koʻrinmas zanjir mavjudligini his etib turar, ammo har qancha oʻylamasin, fikri haqiqat oldida ojiz qolar edi. «Jamshidni qizi bilan ayb ustida ushlab, oʻldirtirib yubordi», degan gumon nechundir shu tobda xayoliga kelmasdi.

«Zaynab rost aytdimi? — deb oʻyladi u. — Bu gap yolgʻon boʻlsa ham, jahl ustida aytilgan boʻlsa ham baribir — dilni yaraladi. Bu dil yarasiga esa chora yoʻq. Bir-ikki kundan keyin u yana shu uyga keladimi? Shu uyga harom qadamini bosadimi? Aslida shu uyning xosiyati qolmabdi. Qamoqdan kelishim bilan sotib yuborsam boʻlar ekan...»

Odam bolasi boshiga kulfat tushguday boʻlsa, xayolga berilib «bu kulfat bulutini kim yubordi-yu, kim tashvish yomgʻirini yogʻdirdi», deb oʻylay boshlaydi. U hech qachon «men shu fe’lim yoinki harakatim tufayli kulfat bulutini oʻzim chaqirdim», demaydi. Mana hozir Elchin ham uyda xosiyat yoʻq, degan qarorga kelib turibdi. Bilmaydiki, uydan xosiyatni oʻzi quvib chiqardi. Unga «Zaynabni ayblama, u bokira edi, gunohkor sensan, tugʻilajak bola valadi zinodir va uning gunohi ham sening boʻyningda» deyilsa, aybni zinhor boʻyniga olmas, «Men Noilam uchun qasos oldim», der. U gʻofil banda bilmaski, al qasosul minal Haq — qasos yolgʻiz Haqdandir, bandaning qasos olmoqqa huquqi yoʻqdir. Mashoyixlardan biri «Dunyo shaytonning doʻkonidir, undan biron nima oʻgʻirlamaki, shayton uni qaytarib olishga kelib, dodingni bermasin», degan ekan. Bu ne baxti qaroliqki, Elchin shayton-ning doʻkonidan koʻp narsa olib qoʻydi. Endi har bir oʻgʻirligi uchun dodini yer. Endi arzini kimga aytadi? Uning arzini kim eshitar ekan?

3

Manzura eshikdan uzoqlashmagani uchun qizining gaplarini eshitdi. Eshitdi-yu, «voy shoʻrginam qursi-in...» deb labini tishladi. Yuragi uzilib tushganday boʻldi. «Voy qizim-a, aytmasang boʻlardi», deb qiziga xayolan tanbeh berdi. Elchin katta xonadan bukchayib chiqib, ayvonda oʻtirib qolgach, yuragida bir nima uzilganday boʻldi. Badaniga muz yugurdi. Kuyoviga qaramoqchi edi, erining qahrli nigohi yoʻldan qaytardi. Shu nigoh boʻlmaganida Zaynab-ning gaplari yolgʻon ekaniga kuyovini ishontirarmidi... Isnod... Isnod... Endi qanday hayot kechiradi? Koʻpni koʻrgan bu odam isnodga koʻnikib ketarmikin? Xudo qizidan omonatini olmadi. Lekin uni tirik murdaga aylantirib qoʻymadimikin?

Shu xayol bilan uyga kirdi. Qiziga moʻltillab qarab turdi-da, nima maqsadda kirganini eslay olmay, iziga qaytmoqchi boʻldi. Ostona hatlashga ulgurmay, Zaynabning ovozini eshitib, toʻxtadi:
— Oyi, hadeb kirib-chiqavermang. Qoʻrqmang, endi oʻzimni oʻldirmayman. Bola... — u nima uchundir «bolam» deya olmadi, — bola... yashashi kerak ekan. U tugʻilgunicha...
— Voy, bolam, — deb uning gapini boʻldi Manzura. — Xudo xohlasa...

Zaynab uni gapirtirmadi.
— Undan keyin nima boʻladi — Xudo biladi. Nima boʻlishini oʻzim ham bilmayman, siz ham bilmaysiz, hatto adam ham bilmaydilar.
— Voy bolam-ey... Qoʻy, bu oʻylaringni.
— Kuyovingiz ketdimi?
— Ha. Qizim... haligi gapni bekor aytding.
— Bekor aytmadim, bilib aytdim.
— Unday dema, bolam, nahotki sen...
— Yoʻq, oyi, gapim yolgʻon edi. Men unaqa emasman. Ammo u shunday deb oʻylasin. Oʻylab ezilsin, siqilib sil boʻlsin, sil boʻlib...
— Qoʻy, qizim, birovga yomonlik tilama. Gunohi boʻlsa Xudoning oʻzi jazolaydi.
— Xudo jazolagunicha...

Zaynab gapining davomini ichiga yutdi. Onasining moʻltillab turgan koʻzlarini koʻrib, nooʻrin, foydasiz gaplarni ayta boshlaganini fahmladi. Onasiga achindi. Oʻzini osayotganida onasini oʻylamagan edi. «Onam bechora bu kulfatga chiday olmay yurak-bagʻri kuyib ado boʻladi», demagan edi. Hushi oʻziga kelganidan keyin ham onasining taqdirini oʻylamagandi. «Xudo uni jazolagunicha men oʻlib boʻlaman», deyishga ogʻiz juftlagandagina onasining gʻaribona koʻrinishi uni sergak tortishga majbur etdi.

Manzura qizining nima demoqchi ekanini angladi. Birdan yigʻlagisi keldi. Qizi oʻzini osganidan beri ahvol shu. Yigʻi bosib keladi, kimningdir yelkasiga bosh qoʻyib hoʻngrab-hoʻngrab yigʻlashni istaydi. Hasrat qilmoqni, dardini aytmoqni xohlaydi. Ammo yigʻlolmaydi, yigʻini kuch bilan qaytaradi. Xoʻrsinib qoʻyadi. Biroq, bu xoʻrsinish dardini yengillatishga ojiz. Bu mushtipar biladiki, quvonchni baham koʻrish uchun sherik axtarish shart emas. Birovning quvonchidan bahramand boʻlish ishqibozlari yetarlidir. Qaygʻuga esa hech kim sherik boʻlishni istamaydi. Hammaning oʻz tashvishi bor. Birovnikini boshiga uradimi?!

Hozir Manzura hamdardi boʻlmagani uchun xoʻrsinmadi. Yigʻlashga majbur etayotgan kuch ham boshqa. Manzura eri bilan gaplashganida Xudoni tilga olishga qoʻrqadi. Sababki, Asadbek oʻz a’yonlariga qanday qoʻrs muomala qilsa, Xudo tilga olinganida shunday bepisand boʻlardi. Xudodan qoʻrqish, degan tushuncha unga yot edi. Eri masjid qurdira boshlaganida u biram quvondi, biram quvondi. «Erimga insofu tavfiq berganing rost boʻlsin», deb Yaratganga shukrlar qildi. Biroq Asadbek fe’lining oʻzgarishsiz qolayotganidan ajablandi. Bir kuni Asadbek nimadir deganida Manzura «Xudo xohlasa, adasi», dedi. Asadbekning kayfiyati chatoq edi, bu javobdan jahli chiqib: «Huda-behudaga Xudoni oʻrtaga solaverma. Xudoning sendan boshqa tashvishi yoʻqmi?» deb jerkidi. Manzura qoʻrqibgina: «Unaqa demang, adasi, Xudodan qoʻrqing», deb yana baloga qoldi. «Xudodan qoʻrqib boʻlganman. Xudo menga atalgan yomonlikni berib boʻlgan. Men yomon ekanmanmi, bunga Xudoning oʻzi aybdor. Men ham odamlarga oʻxshab ota-onamning bagʻrida yashaganimda bunaqa boʻlmasdim. Mehrga zor holda oʻstirib, endi mendan mehr talab qiladimi?» Asadbek oʻshanda yana allaqancha gaplarni aytib yubordi. Manzura oʻsha tun uxlamay, bilganicha tavba qildi. Erini kechirishini soʻrab Yaratganga yolbordi. U ibodat qilishni bilmas edi. Uning bolalik xotirasiga muhrlangan oʻgitlardan biri shuki, Xudodan qoʻrqmoq kerak. Hamisha tavbada boʻlmoq zarur.

Eri-ku, eri, Xudoni tilga olsa bolalari ham bepisandlik bilan tinglashadi. Ba’zan esa otalari kabi ters javob qaytarishadi. Hozir ham shunday boʻldi. Xudodan insof tiladi. Yigʻini bosdi. Qiziga bir oz tikilib turdi-da, tashqariga chiqdi. Ishining unumi ham, tayini ham yoʻq edi. Bir necha daqiqa hovlida, oshxonada ivirsib yurdi-da, qizining tanbehini unutib, yana uyga kirdi.

Zaynab bu safar onasiga indamadi. Onasiga achingan ondan unda pushaymonlik tuygʻusi ham uygʻona boshlagan edi. Avval aytgan gapidan pushaymon boʻldi. Soʻngroq esa oʻzini osganidan afsuslandi. Onasi bir necha nafasga kechikkanidami, u hozir lahadda yotgan boʻlarmidi... Shu gap xayoliga kelishi bilan badaniga muz yugurdi. Qaysi bir kitobda oʻqib edi: odam oʻzining lahadda yotishini oʻylasa, qoʻrquvdan tiligacha terlab ketarkan. Zaynab hozir shu holga tushdi. Oʻzini osayotgan mahalida qoʻrqmagan edi. Nechun endi qoʻrqyapti? U-ku, qorongʻi goʻrida yotardi. Onasi-chi? Bu yorugʻ dunyo uning uchun zulmatga, bu hovli esa doʻzax qozoniga aylanmasmidi? Zaynabning ruhi bu xonadonga uchib kelganida onasining ahvolini koʻrib, zor-zor qaqshamasmi edi? Shularni oʻylab, koʻziga yosh keldi. Yangi yil arafasida oʻgʻirlashganida, zoʻrlashganida ham joniga qasd qilmoqni moʻljallagan edi. Orzulari poymol etilgach, bu dunyoda yashamoqdan ma’no koʻrmay qolgandi. Necha kun oʻzimni ossammi, zahar ichsammi, yoqsammi... degan xayollarga bandi boʻlib yurdi. Endi bir toʻxtamga kelganida koʻz oldida sochlarini yulib yigʻlayotgan onasi gavdalanib uni bu yoʻldan qaytarardi. Kechagi kun nechukdir shunday boʻlmadi...

Kechqurun yarim kosa mastavani onasining qistovi bilan ichgach, badaniga issiqlik yugurdi. Ona-bola bir oz gaplashib oʻtirishdi. Keyin Manzura deraza tomonga oʻrin soldi.
— Oyi, joyingizga chiqib yotavering, mendan xavotir olmang, — dedi Zaynab.

Manzura unga javob bermadi. Chiroqni oʻchirmadi. Ustidagi koʻylakni ham yechmay, oʻrniga omonat choʻzildi. Qizi goʻdaklik chogʻida, uni uxlatib, soʻng yumushlarini bajarish uchun shunday yotardi. Zaynab onasining sekin chiqib ketayotganini ba’zan sezardi, ammo uyqu kuchlilik qilib oʻrnidan jilmasdi...

Manzura yarim tunda qizining gʻalati ovozidan choʻchib uygʻondi. Zaynab bezgak tutganday titrab, xirillardi. Manzura shoshib turib uning peshonasiga kaftini qoʻydi. Kaftiga tekkan muzdek terdan seskandi.
— Jon qizim, nima boʻldi?
— Bilmayman... hammayogʻim ogʻriyapti. Belim...

Manzura qizining qoʻl-oyoqlarini uqalagan boʻldi. Ustiga yana bir koʻrpa tashladi. Soʻng chiqib, Asadbekni uygʻotdi.
— Doʻxtir chaqirmasangiz boʻlmaydi. Xotin doʻxtir chaqiring.

Asadbek hovliga chiqishi bilan boloxonadagi yigit derazadan qaradi. Asadbek qoʻli bilan imlagach, bir necha soniyada qarshisida paydo boʻldi.
— Doʻxtir topib kel. Xotin doʻxtir boʻlsin. Mahmud akangni top.

Shunday dedi-yu, burilib, qizi yotgan xona tomon yurdi.

Zaynab belida ogʻriqni kunduzi sezgan edi. Lekin ogʻriq bosilib qolar, deb oʻylab, onasiga aytmadi. Kechqurun onasi yotgach, u ham uxlaganday boʻldi. Koʻzi uyquda, ayni choqda, shitir etgan tovushni eshitadigan darajada sergak edi. Ozgina muddatli uyqusida tush ham koʻrdi: bir oʻrmonda adashib yurganmish. Bir mahal itmi yo boʻrimi, ajrata olmadi, roʻparasida paydo boʻlibdi. Nimadir yeyayotgan emish. Yaqinroq borib qarasa... chaqaloq emish... Shunda qoʻrqib uygʻondi. Shunda ogʻriq ham kuchaydi. Vujudini titroq ixti-yoriga berdi.

III bob

1

Zelixon hushiga kelib, oʻzini Yigitalining ayvonida koʻrdi. Uni bir qavat koʻrpacha ustiga yotqizishgan, boshiga yostiq qoʻyish hech kimning esiga kelmagan edi. Bu kutilmagan ofat barchaning esini teskari qilib tashlagandi. Ismoilbey ayvon panjarasiga suyanib, nimalardir deb pichirlardi. Ahadbey Zelixonning yaqinida oʻtirardi. Uning xotini, bolalari ichkarida, qoʻrquvdan dir-dir titrashardi. Qoʻrquv shu darajada qudrat kasb etgan ediki, bunday paytda yigʻlash mumkin ekanini ham kishi yodidan surib chiqardi. Atrofni goʻyo tuman qoplagan — hammayoq qop-qora achimsiq tutun bagʻrida edi. Nafas olish ogʻirlashgan, kattayu kichik koʻzlari yoshlanib, dam-badam yoʻtalib qoʻyar, shu yoʻtalgina ularda jon mavjud ekanidan dalolat berar edi.

Zelixon qaddini koʻtardi. Ahadbey «tuzukmisan?» degan ma’noda qarab qoʻydi. Uning gapirmoqqa holi yoʻq edi. Zelixon oʻrnidan turmoqchi boʻldi — boshi aylanib ayvon ustunini ushladi-da, joyiga oʻtirdi. Roʻparadagi uy, Ismoilbeyning omonat Vatani yonar edi. Dastlab shu yer berilib, bir bostirma solib koʻchib kirganida «Shu uy bizning omonat Vatanimiz, Xudo hohlasa, kattalarga insof bersa, Mesxetiyamizga ketamiz» degan edi. Ahadbeyning ikki singlisi shu bostirmada tugʻildi, shu bostirmada jon berdi. Soʻng onasi... Yillar oʻtaverdi. Omonat bostirma yoniga kengroq xonalar qurildi. Kelin tushdi... Ismoilbey ham, uning tengqurlari ham Mesxetiyaga yoʻl yoʻq ekaniga ishona boshlashgan edi. Demokratiya degan gap chiqdiyu yana umid chirogʻi yonganday boʻldi. (Ana shu umid chirogʻining oxir-oqibat uylarga oʻt qoʻyajagini kim oʻylabdi?) Yuragida oʻti borlar Moskvaga qatnay boshlashdi. Koʻpchilik Vataniga qaytajagiga ishonardi. Ular ertakdagi adolatga ishonuvchi goʻdak holiga tushgandilar. Ismoilbeyga esa bularning bari xatarli oʻyinday boʻlib tuyulardi. U davlat yuritish sinoatidan bexabar, lekin Mesxetiyadan quvgʻin boʻlishlari uzoqni koʻzlab qilingan siyosat ekanini sezib turardi.

Urush tugaganidan beri qancha rahbar kelib-ketdi. Yurgʻizgan siyosatlarining oyogʻi osmondan boʻldi, lekin vatangadolar taqdirini birontasi oʻylamadi. Oqibat esa mana bu: Vatanidan ajralgan bechoralarning omonat Vatani ham yonyapti! Bor mol-mulklariga qoʻshilib umidlari ham yonyapti. Kechagina bu xonadonda toʻy gulxani yoqilmogʻi lozim edi, bugun ajal alangasi yayrab quloch otadi. Bir sidra kiyim bilan qolgan bu odamlar jonlari hozircha oʻzlarinikimi yo bu omonatni ham egasiga hademay topshiradilarmi, bilishmaydi.

Zelixonning qulogʻiga olomonning shovqini kirmadi. U avvaliga karaxtman, deb oʻyladi. Boshini silkidi, barmogʻi bilan qulogʻini uqaladi. Keyin ayvon zinasida tik turgan Yigitaliga qarab:
— Odamlar jimib qoldimi? — deb soʻradi.
— Qaysi odamlarni aytasiz? Haligilarmi? Ular odammidi? — dedi Yigitali yonayotgan uylardan koʻz uzmay. — Bunaqasini koʻrmaganman. Selday kelib, selday ketishdi.
— Qayoqqa ketishdi?
— Bilmadim. Tushunmadim, birodar, men hech narsaga tushunmadim, — Yigitali shunday deb oʻgirildi. Zelixon uning yuzi shilinib, qontalash boʻlib qolganini koʻrdi.

Bu koʻchaga faqat yongʻin hukmron emas ekan, figʻonning ham haqqi bor ekan. Olomon bu koʻchadan nari ketgach, jon talvasasida oʻtirganlar nimaga giriftor boʻlganlarini anglab, koʻrayotganlari tush emasligiga ishondilar. Ana shunda bir-birlarini qidirish, yoʻqlash boshlandi. Ana shunda dastlabki nola eshitildi. Nolaga nola ulanib, birpasda atrofni qiy-chuv bosdi. Bir necha daqiqa ilgari yovuzlik nafasi kelib turgan shovqin oʻrnini yaralangan qalblarning nolasi tutdi. Ismoilbeyga oʻxshaganlar Ollohga munojot etib «Gunohimiz ne edi, bizga bu ofatni ravo koʻrding? Endi rahm qil. Parvardigorim, oʻz panohingda asra, shayton vasvasasiga tushganlarga insof ber», deb yolborsa, boshqalar ogʻizlariga qanday gap, qanday qargʻish kelsa, qaytarmay baqirib, faryod urishardi. Kulfat millat tanlamaydi, odamlarni ajratib oʻtirmaydi. Ustiga sholcha yoki toʻn yopib, yoki suv sepib oʻchirilgan murdalar atrofida turk ham, oʻzbek ham, tatar ham baravar yigʻlardi.

Zelixonning diqqatini hovlidagi odam tortdi. Boshqalarga nisbatan koʻrkamroq solingan bu uy egasi kranga rezina ichak ulab, oʻtni oʻchirmoqchi boʻlardi. Suv tashna sahro bagʻriga singganday yoʻq boʻladi, alanga derazalardan olov tillarini chiqarib uni kalaka qiladi. «Mol achchigʻi ham yomon», deb oʻyladi Zelixon, soʻng xayoliga «Ichkarida bola boʻlsa-chi?» degan fikr urilib, hovliga otildi.
— Odam bormi? — deb soʻradi uy egasidan. Uy egasi uning savoliga tushunmadi. Zelixon gapini qaytargach, bosh irgʻab «yoʻ-oʻq» dedi. Zelixon uni boʻralab soʻkdi-da, iziga qaytdi.
— Orqadoshlar! Haqiqat bormi bu dunyoda?! Yuringlar, obkomga boramiz! Arz qilamiz!

Zelixon koʻchaning oʻrtasida turib olib arzga da’vat etayotgan odamni tanimadi. Ismoilbey unga qarab bosh chayqab «nodon» deb qoʻydi. Da’vatchi yana toʻplanishga chorladi. Uning gaplari ta’sir qilib, nochor odamlar toʻplana boshlashdi.
— U ham Moskovga borgan edi, — deb izoh berdi Ahadbey.

Zelixon bir doʻstiga, bir uning otasiga, bir xotini, bolalariga qaraydi. Xotini bilan bolalari yonayotgan uylariga moʻltillab qarab turishibdi. Ismoilbey koʻchaga chiqqach, uyiga bir qaraganicha boshqa qaramadi. Ahadbey dam-badam oʻgirilib qaraydi. Har- holda suyunchli, qaygʻuli kunlari kechgan uy, omonat boʻlsa ham Vatani edi.

Ofatdan qutulish yoʻlini bilmay turganlarga da’vatchining gaplari ta’sir qilib, hamma arzga bormoqqa shaylandi.
— Onangni qozi ursa, dodingni kimga aytasan? — dedi Zelixon.
— Bu nima deganing? — ajablandi Ahadbey.
— Bu ofat qaysi gʻordan chiqqaniga hali ham tushunmadingmi?
— Fedyani aytasanmi?
— Fedya nima? Fedya isqirt bir tomchi. Qolganini keyin tushunib olasan.
— Qayoqqa boraylik boʻlmasa, bilsang oʻzing ayt.
— Men oʻgʻriman, donishmand emasman. Mendan qochganlar milisaga borishlarini bilaman. Iblisdan qochib qayga borish kerakligini bilmayman.
— Iblisdan qochib Ollohning panohiga boriladi, — dedi Ismoilbey ularning bahsiga yakun yasab.
— Orqadoshlar! Murdalarni olingiz! Koʻrishsin rahbarlar! — deb qichqirdi da’vatchi.

Shu onda koʻchaning muyulishida paydo boʻlgan yigit barchaning e’tiborini tortdi. Ogʻzi-burni qon, ust-boshi yirtilgan bu yigitga qaragan odam uning ofat changalidan bir moʻ’jiza tufayli omon qolganini fahmlardi.
— Zuhur-ku? — dedi Ahadbey, — mashhur bokschi yigitimiz...

Yigit uzoq yoʻlni yugurib bosgani uchunmi, hansirardi. Olomonga yaqinlashib, bir qoʻlini koʻtardi, soʻng tizzalab qoldi.
— Boʻlinglar! — dedi u. — Boʻlinglar! Qochinglar! Olomon bosib kelyapti!
— Qanaqa olomon? — deb soʻradi da’vatchi.
— Bilmayman... Shaharda, hammayoqda mish-mish. «Turklar oʻzbeklarni oʻldirayotganmish, turklar avtomat bilan qurollanganmish... Turklar bogʻcha bolalarini olovda yoqishibdi...» Oʻzbeklar ishonishyapti shu gaplarga. Yoshlar qasosga chorlayapti...
— Astagʻfirulloh! — deb yubordi Ismoilbey.
— Berkinish kerak, — dedi Zelixon Yigitaliga qarab.
— Uyga kiraylik, — dedi Yigitali.
— Yoʻq, — dedi Ahadbey. — Qasosga chorlashayotgan boʻlishsa, yomon. Qochish kerak.
— Qochish?..

Qochish kerakligini hamma bilardi. Lekin «qayoqqa?» degan savolga hech kim tayinli javob bera olmasdi. Bu savolga birinchi boʻlib javobni da’vatchi topdi:
— Obkomga! — deb chinqirdi u. — U yerga hech kim yaqinlasha olmaydi!

Bu orada yigitlar ikkita tobut koʻtarib kelishdi. Murdalarni solib shahar sari jadal yurib ketdilar. Quyoshning qizdirayotgani, hozirgina otash bagʻridan chiqib kelganlariga qaramay tez yurdilar.

Obkom binosini oʻrab turgan militsionerlar ularni toʻxtatishga jur’at etolmadilar. Ichkaridan chiqqan rahbarlardan biri zinadan yugurib tushdi-da, oldinda tobut koʻtarib kelayotganlarni toʻxtatdi:
— Toʻxtanglar, oʻrtoqlar, tinchlaninglar!
— Qanday tinchlanish mumkin? — dedi da’vatchi oldinga chiqib. — Uylarni yoqishdi, odamlarni yoqishdi. Kim bular, nimaga indamaysiz?
— Bilamiz, vaziyat keskin. Sizlar bu yerdan tez ketinglar. Oʻzbeklardan bir yigit oʻldirilgan. Ma’lumotga qaraganda, uning murdasini koʻtarib shu tomonga kelishyapti. Turklarni ayblaydigan mish-mishlar tarqalgan.
— Qayoqqa ketaylik?
— Hozir avtobuslar keladi. Sizlarni bexavotir joyga olib boramiz. Faqat vahimaga berilmanglar. Jinoyatchilar albatta jazolanadi!

Chindan ham koʻcha ogʻzida oʻnga yaqin avtobus koʻrindi. Olomon avtobuslarga chiqib ulgurmasidan koʻchaning narigi boshida tobut koʻtargan boshqa olomon koʻrindi.
— Boʻldi, boʻldi, yuringlar! — deb buyurdi rahbarlardan biri.
— Murdalarni nima qilamiz? — dedi da’vatchi.
— Ketaveringlar, oʻzimiz koʻmamiz!

Avtobuslar xuddi poygadagiday shoshilib qoʻzgʻolishdi. Murdalarning egalari faryod urdilar. Toʻxtashning iloji yoʻq edi. Ozgina fursat boy berilsa, yana bir qirgʻin boshlanib ketmogʻi mumkin edi.

Avtobus shahardan chiqar mahalda Zelixon Yigitaliga qarab, ajablandi. Shuncha paytdan beri uning birga ekaniga ahamiyat bermagan ekan.
— Siz nima qilib yuribsiz? — deb soʻradi Zelixon undan.
— Sizlar nima boʻlsangiz, bizlar ham shu-da, — dedi Yigitali.

Ismoilbey ham unga ajablanib qaradi. Aftidan, oʻz gʻamiga bandi boʻlib u ham Yigitalining birga yurganiga e’tibor bermagan edi.
— Inim, siz bola-chaqangizning yoniga boring. Yana sizni yoʻqotib hayron boʻlib yurishmasin. Rahmat sizga. Eson-omon koʻrishmoqni Olloh nasib etsin.
— Ie, domlajon... — Yigitali e’tiroz bildirmoqchi edi, Ismoilbey uning gapini uzdi:
— Biz sizdan rozimiz, siz ham rozi boʻling. Bu gʻalvalar oʻtar-ketar, inshoolloh, farzandlarimiz omon boʻlishsin. Yigitali, inim, siz boshqalar uchun xijolat boʻlmang. Musulmon musulmonga qoʻl koʻtarar ekan, bilingki, orada shayton bor. Shayton borligini unutdik, shayton hukmiga boʻysunib qoldik. Bu ham qiyomatning bir belgisi. Qalbimizni dunyo havaslari bilan band etmasak edik... — Ismoilbey yana odati boʻyicha pichirladi. — Ad-dunyoya mazra’utul-oxira...[3]

Zelixon haydovchiga yaqinlashdi.
— Birodar, qayoqqa ketyapmiz?
— Bilmayman. Aytishmadi. Oldindagi moshin qayoqqa yursa, biz ham ashaqqa yurovramiz. Aqqa-baqqa qaramasdan yurishasanlar, deb buyurishgan.
— Birpasga toʻxtang, oʻzbak oshnamiz adashib chiqib qolibdi.
— Mumkin emas, kolonna toʻxtaydi. Ketovursinlar, qaytishimda hamroh boʻlallar.

Zelixon joyiga qaytib, haydovchining gapini aytgach, hammalari yana jimib qolishdi. Ortiqcha gapga hech kimda toqat yoʻq edi. Hamma avtobus derazasi osha tashqariga e’tiborsiz boqib, har biri oʻz xayoliga bandi boʻlib borardi.

Shahar ham, qishloq uylari ham ortda qoldi. Asfalt yoʻl tugab, adirning notekis yoʻli boshlandi. Avtobuslar chayqala-chayqala, yoʻldagi tuproqni toʻzitib borishadi. Shaharda tutundan boʻgʻilayozgan odamlar toʻzon tufayli holdan toygan bir paytda avtobuslar toʻxtadi. Atrofda na bir uy, na bir daraxt koʻrinadi. Adirning ufqqa tutash qismida samolyotlarning qorasi koʻzga tashlanadi. Oʻsha tomondan boʻgʻiq guldurak ovozi keladi.

Avtobuslardan tushgan odamlar bir-birlariga hayron boqishadi. «Qaerga keldik?» Barchamiz mana shu oʻt-oʻlanlarday qovjiraymizmi shu yerda, barchaning xayolida shu savol. Oldindagi mashinadan tushgan vakil baland ovozda gapirib, odamlarga tasalli bermoqchi boʻladi:
— Ozgina chidanglar, oʻrtoqlar. Hozir non-suv, oziq-ovqat, chodirlar olib kelishadi. U yoqda olomon tinchlangunicha shu yerda kutamiz.
— Shunday deb avrab joʻnab qolasizlar, biz qovjirab oʻtiraveramiz.
— Joʻnamaymiz. Biz sizlar bilan shu yerda qolamiz. Fojia biz uchun ham tasodifan boʻldi, qurbonlar soni koʻpaymasligi uchun shunday qilishga majburmiz.
— Oʻzbeklarga nima yomonlik qiluvdik? — dedi kimdir.
— Bunaqa gaplarni qoʻyib turing, iltimos. Oldin tinchib olaylik, jinoyatchilar bilan keyin gaplashamiz.

«Gaplashib boʻpsan!» dedi Zelixon oʻzicha. Soʻng vakilning gaplaridan ensasi qotib, nari ketdi.

Kunni oftob tigʻida, ochlik, tashnalik azobida oʻtqazishdi. Va’da etilgan narsalar oʻrniga yana avtobuslarda odamlar kelishdi. Faqat quyosh bota boshlagan onda yuk mashinalari koʻrindi. Odamlar hech narsaga qaramay suvli mashina atrofini oʻrab olishdi. Boshqa paytda koʻngilni aynitishi mumkin boʻlgan iliq suv jonga rohat ato etdi. Shundan soʻnggina ochlik esga tushdi. Shundan soʻnggina tunni qay ahvolda oʻtkazish tashvishi uygʻondi. Shundan soʻnggina tahlika bilan oʻtgan kundagi fojialar koʻz oldilarida qayta qad rostladi. Kechagina kimsasiz boʻlgan bu adirga yana odamlar keldi. Odamlar bu yerga qoʻlga ilingan narsalari bilan kelishardi. Kim toʻn, kim koʻylak, kim choyshab... olishga ulgurgan. Kimdir bolasini yoʻrgaklashga ham ulgurmagan. Toʻplagan mol-mulklari uylarida qoldi. Bu yerdagilarning yagona mulki — tashvish, alam, tahlika... Bu mulkdan barchaga moʻl berilgan.

Zelixon botayotgan quyoshga qarab oʻtirib, oʻyga toldi. Ayollarning nolalari, bolalarning chinqirab yigʻlashi uni unutib boʻlmas xotiralarini qitiqlab uygʻotdi. Tun... ikki tugunni orqalab yoʻl yurish... bobosi, onasi... Soʻng poezddagi yoʻl mashaqqati... Ayollarning nolalari, goʻdaklarning bigʻillab yigʻlashi, qorni och bolalarning ingrashlari... qariyalarning yaratganga munojotlari... Qandaydir oʻxshashlik bor. Farq shundaki, qishloqlarga oʻt qoʻyishmadi. Bir kechada, hech kutilmaganda, vaj-korson koʻrsatib oʻtirmay koʻchirishdi. Bunisiga ham vaj-korson koʻrsatilmadi. Tunda emas, kuppa-kunduzi yoqishdi... oʻldirishdi... Eng ashaddiy jinoyatchilar ham bunchalik ochiq ishlashga jur’at etisholmas edi. Fedya... ular qanday jur’at etishdi? Nima uchun hech kimdan qoʻrqishmadi? Ularni kim yollagan oʻzi? Zelixon dastlab bu ish tepasida Asadbek yoki Hosilboyvachchaga oʻxshaganlar turibdi, deb fikr qilgan edi. Bugungi dahshatni koʻrib, fikridan qaytdi. «Yoʻq, ular bunday keng miqyosda ishlay olishmaydi», degan xulosaga keldi. Bugungi ishboshi lozim boʻlsa yuzta, balki mingta, balki undan ham koʻproq Asadbeklarni oʻlik sichqonday oʻynatib, soʻng bir chekkaga taxlab qoʻyishi mumkin. Zelixonning oʻtkir zehni buni fahm etib turibdi. U faqat bir narsaga tushunmaydi: nima uchun qirgʻinga aynan turklar tanlandi?

Ismoilbey asta yurib kelib Zelixonning oʻng tomonidagi doʻnglikka Yigitali tashlab ketgan chorsini yoydi. Tayammum qildi-da, shom namoziga azon chaqirdi. Azon chaqirigʻini eshitganlar orasida namoz oʻqigʻuvchilar yoʻq edi. Ismoilbey takbir tushirib, yolgʻiz oʻzi oʻqiy boshladi. Zelixon unga qarab turib yana bobosini esladi. Koʻnglida oʻzi ham tushunmagan gʻalati bir tuygʻu uygʻonib, entikdi. Oʻrnidan turib, Ismoilbey yonida namoz oʻqigisi keldi. Oʻrnidan turdi ham, cholga yaqinlashdi ham... Ammo namoz oʻqishni bilmasdi. Hatto namoz oʻqiyotgan moʻ’min bandaga iqtido qilib turmoqni ham bilmas edi. Shu bois Ismoilbeydan bir qadam orqaroqda oʻtirdi. Ismoilbey namoz oʻqib boʻlib ham joyidan jilmadi. «Qiblaga qarab Xudodan bir narsalar soʻrayotgandir», deb oʻyladi Zelixon.

Ismoilbey Ollohdan koʻp narsani soʻramadi. Bandalariga insofu tavfiq, farzandlar umriga baraka... Har kuni soʻraydiganiga bugun «Bizga-ku vatangadolikni ravo koʻrding, shu joylardan rizq berding, nolimaymiz. Bilamiz, imon ikki narsadan iborat, biri shukr, biri sabr. Oʻzingga shukr qilamiz, chunki bizdan beshbattar ahvolga tushganlar ham bor. Shuncha yil sabr qildik, bundan keyin ham sabrli boʻlamiz, inshoolloh. Ammo bolalarimizni vatangado qilma. Shu yerga kindik qonlari toʻkildi, endi bu aziz yerlarga begona qilma», deb qoʻshimcha qildi. Soʻng kun botishga tikilib ona yurtini koʻz oldiga keltirdi. Chunki uning Mesxetiyasi ham shu tomonda, kunbotarda edi...

2

Odamlar tushishi bilan avtobuslarning haydovchilariga «shaharga qaytilsin!» deb buyruq berildi. Yigitali shoshilinchda qoʻshnilari bilan durustroq xayrlashishga ham ulgurmadi. Avtobuslar changli doira yasab burildilaru chayqala-chayqala tezlikni oshirdilar. Katta yoʻlga chiqquncha Yigitali ham, haydovchi ham jim ketishdi. Chang bosilib, yurish yengillashgach, haydovchi peshoyna tepasidagi koʻzgu orqali Yigitaliga qarab oldi-da:
— Bularning ichida nima qilib yuribsiz, togʻa? — dedi.

Uning «bular» deb bepisand gapirgani Yigitaliga malol keldi. Shu sababli «bular» soʻziga atayin urgʻu berib, javob qaytardi:
— Bular, mening qiyomatli qoʻshnilarim. Issigʻim ham, sovugʻim ham shular bilan edi.
— Qoʻshnilardan ham toz-za buyurgan ekan-da, a? — dedi haydovchi yana koʻzgu orqali qarab.
— Nega unday deysiz? Xudoga shukr, qoʻshnilarim tillo odamlar.
— Ha, endi bitta-yarimtasi tuzukdir, qolganlari yaramaydi. Mana men ularni bexavotir joyga olib borib qoʻydim. Men ularning jonini saqlab qoldim, toʻgʻri emasmi? Biz boʻlmasak ashaqda gum boʻlishardi. Men jonlarini saqladimu, omma xizmatimga rozi emasman.
— Gaplaringiz qiziq-ku, inim, ular sizga nima yomonlik qilishdi?
— Menga-ku yomonlik qilishmadi. Qilib ham koʻrsin-chi, kindigidan tomogʻigacha tilib tashlarman. Omma tozza qirgʻin qilishgan-da, bular.
— Qaerda?
— Koʻp joylarda. Avtomatlari bor ekan. Toʻrt oyli chaqaloqni olovda kuydirishganmish.
— Oʻzingiz koʻrdingizmi?
— Yoʻq, eshitdim.
— Eshitgan boʻlsangiz... balki yolgʻondir? Esimni taniganimdan beri shu odamlar bilan birgaman. Oʻzimizga oʻxshagan moʻmin-musulmon ular. Toʻgʻri, yoshlari ichadi, mushtlashadi. Juda oshirib yuborsa pichoq tiqib olar. Lekin siz aytganday bolani tiriklayin kuydirmaydi.
— Bittagina siz ishonmas ekansiz. Agʻda Quvasoy, bagʻda Margʻilon, ana agʻda yana Fargʻona. Hammaning ogʻzida shu gap. Shu paytgacha birov bularning mushugini pisht dedimi? Urush paytida kelishgan ekanmi, ha, shundan berisiga yurishibdi kayfini surib. Omma boyib, bosar-tusarlarini bilmay qolishuvdi. Oʻzing-ku, birovning uyida mehmonsan. Nima qilasan kerili-ib, — yigit shunday deb soʻkindi. Yigitali unga e’tiroz bildirish ortiqcha ekanini fahmladi.
— Ha, togʻa, indamay qoldingiz? Gapimning chatagʻi boʻlsa aytovring.
— Gapingizning chatagʻi shuki, hammamiz bu dunyoga mehmonmiz, bu birlamchi. Ikkilamchisi — besh qoʻl barobar emas. Koʻrmaganning koʻrgani qursin, deyishganini eshitganmisiz? Odamning qorni toʻyib, choʻntagi qappaysa, oʻzidan ketadi, tugʻyonga keladi. Bosar-tusarini bilmaydi. Bunisi millatga qarab boʻladigan ish emas.
— Endi togʻa, oʻzimizning boylar bir nima qilsa yarashadi. Har holda oʻzimizniki-da. Bular-chi?.. Odammisan deyishmaydi. Boʻlamni pivoxonadan haydab chiqarishibdi enagʻarlar.
— Toʻgʻri qilishibdi.
— Ie, togʻa, bu nima deganingiz? Judayla yon bosavermang-da bularga.
— Yon bosayotganim yoʻq. Pivoxonada oʻtirgan yigitlarni koʻrsam, gʻashim keladi.
— Endi ichmasangiz mazasini bilmaysiz-da. Ishdan keyin shundan boʻlmasa hordiq chiqmaydi.

Yigitali haydovchining gap uqmaydiganlar xilidan ekaniga ishonch hosil qilib, u bilan suhbatni davom ettirmadi. Yigit ham yana bir-ikki gap aytgach, tinchidi. Yigitali shaharga yaqin qolganida avtobusdan tushdi. Haydovchi unga xayr ham demadi. Yigitali aytgan «rahmat»ga javob ham bermadi.

Yigitali shaharga kiraverishdagi qishloqqa borib singlisining oilasidan xabar olib ketmoqchi edi. Shu niyatda yoʻlovchi mashinalarni toʻxtatmoqchi boʻldi. Biroq, yuzi shilingan, ust-boshi kirlangan odamni koʻrgan haydovchilar toʻxtamay oʻtib ketaverishdi. Oqibatda u piyoda yurdi. Singlisi tinch-omon ekan. Bu tomonlarga faqat mish-mishlar, vahimali gaplar yetib kelibdi.

Yigitali uyga kirib, singlisi bilan koʻrishayotganda quda xola ayvonda, joynamoz ustida oʻtirgan edi. Yigitali namoz oʻqiyaptimi yo shunchaki oʻtiribdimi, degan xayolda unga bir-ikki qarab qoʻydi. Uning ajablanayotganini sezgan singlisi izoh berdi:
— Turklar moshinlarda yurishibdi ekan, odamlarni shartta-shartta otishyapti ekan. Oʻlsam imon bilan ketay, deb shu holda oʻtiribdilar-da.

Bu gapni eshitib, Yigitalining jahli chiqdi. Kampirga yaqinlashib salom berdi-da, uning alik olishini kutmay zahrini sochdi:
— Quda xola, kim nima desa ishonaverasizmi? Turklarning hammasini adirga koʻchirishdi. Boshi buzuqlar ularning uylarini yoqishdi, odamlarini yoqishdi, oʻz koʻzim bilan koʻrdim. Lekin odam qirib yurgan turklarni koʻrmadim. Qoʻying bunday oʻtirishni. Qirq yil qirgʻin boʻlsa ajali yetgan oʻladi...

Kampir Yigitalining gaplariga ishonib-ishonmay yana picha oʻtirdi. Bundan Yigitali battar xunob boʻldi. Choy ichishga ham unamay, iziga qaytdi.

Quyosh botay deb qolganida shaharga yetib bordi. Koʻchada qurollangan askarlarni koʻrib, ajablandi. Avtobus kutishning foydasi yoʻq edi. Yana piyoda yurdi. Mahallasiga yaqinlashganida dimogʻiga kuyuk hidi urildi. Yongʻin asosan oʻchgan, faqat allaqaerlarda nimalardir hanuz tutar edi. Koʻchasiga burilishi bilan ikkita qurolli yigit roʻparasidan chiqib, uni toʻxtatdi. He yoʻq, be yoʻq, ikkala qoʻlini koʻtartirib qoʻyib tintib chiqdi. Yigitali josuslar haqidagi filmlarda shunaqa qilishlarini koʻrgan edi. Avvaliga yigitlarning bu qiligʻini hazilmi, deb ham oʻyladi. Qoʻlini tushirmoqchi edi bittasi avtomat qoʻndogʻi bilan yelkasiga urib «Stoyat!» deb baqirgach, «yopiray, bunisi qandoq boʻldi?!» deb qoʻydi. Askar Yigitalining kamariga osigʻliq pichoqni qinidan chiqarib chiroqqa tutdi. «Xolodnoe orujie» deb sherigiga koʻrsatdi. Soʻng qinga ishora qildi-da, Yigitaliga «snimi!» deb buyurdi. Yigitali kamarni boʻshatib, qinni chiqarib bergach, pichoqni joylab, choʻntagiga soldi-da:
— Poshli, — deb yana yelkasiga turtdi.
— Ie, qayoqqa poshli? — dedi Yigitali. U ruschani durust bilmagani uchun yarim ruscha, yarim oʻzbekcha qilib tushuntirmoqchi boʻldi. — Moya dom hov anavi yerda. Moya jena, detilarim ham kutib turishibdi. Qayoqqa poshli?

Askarlar uning gaplariga quloq solmay, qoʻndoq bilan turtib, iziga qaytishga majbur qilishdi. Yigitali guzardan oʻtib kelayotganida usti yopiq ikkita yuk mashinasi turganini koʻrgan, ammo e’tibor bermagan edi. Uni mashina yonida turgan zobitga roʻpara qilib, pichoqni berishdi. Yigitali unga ham shu mahallada turishini aytib, tushuntirmoqchi boʻldi. Zobitning boshi garangmidi, uning gaplarini eshitishni ham istamadi. Yigitlarga imlagan edi, ular darhol Yigitalining qoʻltigʻidan olib, mashinaga chiqarishdi-da, orqasidan eshikni yopishdi. Ichkari qorongʻi edi, kimdir yoʻtaldi.
— Oyoqqa ehtiyot boʻling, birodar, — dedi kimdir. Ovoz tanishga oʻxshadi.
— Ovozingiz tanishga oʻxshayapti. Shu yerlikmisiz? Men, Yigitaliman.
— Ie, Yigitali, tozayam toʻplanibmizmi, a? Men Hamdamaliman. Soy boʻyidanman. Qoʻshningiz Yusufalining togʻasiman. Xabar olgani keluvdim, deng. Men nodon shomni oʻqib keta qolay, debman. Shu yerdan oʻtayotsam, askar bolalar toʻxtatib turishibdi, deng.

Yigitalining taxminicha bir soatcha turishdi. Yana ikki kishi saflariga qoʻshildi. Ular ham qarindoshlaridan xabar olgani kelganlardan edi. Shundan soʻng mashina joyidan jildi. Koʻp oʻtmay ular oʻzlarini milisaxonada koʻrishdi. Yigitali ilgari bunaqa joyda boʻlmagan, bunchalik koʻp milisa borligini tasavvur ham qilmagan edi. «Kichkina milisaxonada shuncha odam ishlarkan-da, a?» deb ajablanishdi. U favqulodda hodisa munosabati bilan qoʻshni viloyatlardan yordamga qoʻshimcha kuch kelganini qaerdan bilsin?

Ularni nimqorongʻi, dim, sassiq bir narsaning hidi kelib turgan bir xonaga kiritishdi. Xona tirband edi. «Yopiray, — deb oʻyladi Yigitali, — shuncha odamni toʻplab nima qilishar ekan?» «Shuncha odam» safi orta berdi. Yotish, yonboshlash qayoqda, tik turgan holda tunni oʻtkazishga toʻgʻri keldi. Tong otgach, birin-sirin chaqiraverishdi. Xonada odam kamayaverdi. Yigitali nomini eshitganda «bu goʻrxonadan qutulganim rost boʻlsin-a», deb Xudoga shukr qildi. U chaqirilganlar bilan bir-ikki ogʻiz gaplashib, qoʻyib yuborishyapti, deb oʻylagan edi. Toʻgʻri, ayrim odamlar gumondan nari boʻlib, uylariga qaytishardi. Ayrimlarga esa qachon ruxsat tegishi noma’lum edi. Yigitali ana shu ikkinchi toifa odamlar roʻyxatiga kiritilib, shahar qamoqxonasiga joʻnatildi.

3

Tongda ufq qontalash edi. Goʻyo kimdir kecha toʻkilgan qonlarni bir idishga erinmay toʻplaganu tuni bilan ermak qilib osmon etagini boʻyab chiqqanday... Xushkayfiyat odam uchun tong otishini kuzatishdan zavqliroq yumush yoʻq. Hatto eng uyquchi odam ham tongda qushlarning sayrashini bir eshitadi. Eshitib bir rohatlanadi-yu, soʻng uyqusini kelgan joyidan davom ettiraveradi.

Kecha adirga kelib jon saqlagan odamlar uchun tongning bunday sururi yoʻq. Bu dillarni anduhlardan tozalamoq uchun yana necha tong otmogʻi lozim ekan? Bir necha lahzada vujudga egalik qilib olgan ranjdan xoli boʻlmoq uchun necha kun, necha oy, necha yillar darkor ekan?

Kecha xuftonga yaqin keltirilgan chodirlar, toʻshaklar hammaga yetmadi. Uyqu asosan bolalarga hukmini oʻtkazdi. Kattalar deyarli uxlashmadi. Zelixon Ismoilbey bilan oʻsha bir chekkadagi doʻnglikda oʻtirdi. Ahadbey ham ularga qoʻshilgan edi, Ismoilbey «bolalaringni yolgʻizlatma», deb iziga qaytardi.

Ismoilbey kunbotishga qarab uzoq oʻtirdi. Zelixon ibodatning tugashini toqat bilan kutdi. U namoz oʻqiganlarni koʻp koʻrgan, nazarida ibodat bir necha lahzada tugaguchi edi. Shu bois Ismoilbeyning uzoq oʻtirishi unga ajablanarli tuyuldi. Soʻng: «Ogʻam ilmli odam, qanday ibodat qilishni biladi. Balki hamma shunday uzoq oʻqir, men avval e’tibor bermagandirman», dedi.
— Hubbul Vatani minal iymani...

Ismoilbey bu gapni pichirlab aytgan boʻlsa-da, Zelixon eshitdi. Eshitdi-yu, ammo tushunmadi. Ibodat davomida oʻqilguchi duo deb oʻylab, indamay oʻtiraverdi. Bir necha nafasdan soʻng Ismoilbey yana tilga kirdi:
— Mening Vatanim shu tomonda, — dedi u kunbotarga tikilganicha. — Vatanni sevmoq iymondan. Mening esa Vatanim yoʻqtur. Men Vatandan yuz oʻgirmadim. Vatan mendan yuz oʻgirdimi? Yo Olloh, Vatani yoʻqning iymoni boʻlarmi endi?..

Yillar oʻtar, balki asrlar oʻtar, ammo hech kim, hech qachon ularning vatangado boʻlib qolishlari sababini aniq ayta olmas. Balki bu faqatgina qiyomatda ayon boʻlguvsi sinoatdir? Toʻgʻri, unga qadar ahli ilm, ahli qalam turli gumonlarini bayon etaverarlar, kimlarnidir ayblarlar, kimlarnidir oqlarlar... Banda toʻqigan gaplar oʻtkinchi ekanini fahm etmaymi, bahslashaverarlar...

Zelixon Ismoilbeyga ogʻir boʻlganini bilib tursa-da, cholning dardi u uchun begona edi. Chunki unda Vatan tuygʻusi yoʻq edi. Toʻgʻri, dastlabki qamalganida shunga oʻxshash bir tuygʻu bir uygʻondi, ammo tarbiyaga muhtoj bu tuygʻuning umri qisqa boʻldi. Ongida oxirat tushunchasi boʻlmagan odam shaytonning oʻljasi hisoblanadi. Shaytonga tobe odam qalbida esa bunday tuygʻularni tarbiya etmoq mutlaq mumkin emasdir.

Mashoyixlardan biri kuyib aytgan ekanki, yo Rabbim, men ba’zi kimsalarning holiga hayron qolaman: oʻlimning muhaqqaqligini bilgani holda, qanday qilib xursandchilikka berila oladi? Jahannam azobining haqligini bilgani holda qanday kuladi? Voqean shunday. Oʻlim bilan yuzma-yuz kelib qolgan damdagina odam dunyoda quvonch, xoyu havas borligini unutadi. Aksincha, yagona qudrat sohibini eslaydi. Yana bir necha yil, yoki, mayli, bir necha oy, u ham mumkin boʻlmasa bir oygina, bir kungina, hech boʻlmaganda soat yoki daqiqa umr koʻrishni istaydi. Kechagina ularning xayoliga bu narsalar kelmagan, dunyo faqat quvonchlardan iboratday betashvish oʻtirishgan edi. Mana endi kutilmaganda oʻzlarini adirda boshpanasiz koʻrgach, xayollari oxirat bilan band boʻldi. Ota-onalar farzandlariga, bolalar esa volidayn umriga baraka berishni soʻrab Yaratganga yolbordilar. Umr boʻyi Olloh nomini tilga olmaganlar xayoli ham shu bilan band...

Yana mashoyixlar derlarki: bu dunyoda moli omonat, oʻzi esa mehmon boʻlmagan biron kimsa yoʻqtur. Mehmon degan keladi, ketadi. Omonat esa buyurilgan vaqti yetganda egasiga qaytib berilmogʻi joizdir. Beshafqat hayot bu haqiqatni bir hamlada ayon etib, odamlarning yumuq koʻzlarini ochdi.

Zelixon yana jimib qolgan Ismoilbeyning yoniga yaqinroq surildi.
— Ogʻa, — dedi u, — hali hushimdan ketgan paytimda tushga oʻxshagan gʻalati narsa koʻrdim.

Ismoilbey unga qaradi. Cholning qarashida «qanaqa tush?» degan savol zuhur edi. Zelixon gapini davom ettirish mumkinligini fahmladi:
— Boshimga zarba tushishi bilan hammayoq gir aylandi, keyin atrofimni zulmat oʻrab oldi. Ikkita sharpa kelib, qoʻltiqlab koʻtardi. «Yaxshi boʻldi, bulardan qutqaradi», deb oʻyladim. Sharpalar qoʻltiqlab koʻtarganicha meni chir aylantirib balandga, juda balandga olib ketishdi. Xuddi sahrodagi girdobga tushib qolganday boʻldim. Keyin birdan zulmat tugab, yorugʻlikka chiqdik. Atrof shu darajada yorugʻ ediki, koʻzlarim qamashib ketdi. «Buni nimaga olib keldilaring, hali muhlat bor», degan gʻalati ovoz eshitildi. Keyin yana girdobga tushdim, yana zulmatda qoldim. Sharpalar meni yerga yotqizib, yoʻq boʻlishdi. Keyin koʻzimni ochsam... Yigitalining ayvonida yotibman.

Zelixon javob kutib, Ismoilbeyga tikildi. Ismoilbey bir oz oʻyga toldi-da, chuqur xoʻrsindi. Soʻng:
— Buning ta’birini aytishga fikrim ojiz, — dedi. — Vallohi a’lam, Tangrim joningni qaytarib beribdi. Buning ma’nosi shuki, endi sayoq yurishingni tashla. Qalbingni zangdan tozala.
— Qalb zangi? — Zelixon kulimsiradi. — Rosa zoʻr gaplarni topib gapirasiz, togʻa. Hozir namoz oʻqiyotganingizda nima uchundir mening ham oʻqigim keldi. Shuning uchun sizga yaqinlashib oʻtiruvdim.
— Ha-a... — Ismoilbey qoʻlini uning yelkasiga qoʻydi. — Dilingdagi qulfni Tangrining oʻzi ochibdi, vallohi a’lam. Bu — yaxshilik alomati. Iymon keltir, bilasanmi?

Zelixon bosh chayqadi. U jinoyatchilar taqdirini hal qiluvchi ja’mi qonunlarni yod bilardi. Shu yoshga kirib, uchtagina muqaddas soʻzdan iborat kalimani ayta olmadi. Ismoilbey kalimani aytdi, u qaytardi:
— La ilaha illolloh...

Bir necha marta qaytardi. Har aytganida vujudini ezib turgan nimadir qochganday boʻlaverdi. Oʻsha «nimadir»ni u bilmas edi. Yengil tortayotganini his qilib turib «qalbning zangdan tozalanishi shu boʻlsa kerak», deb oʻyladi.

Shu paytda ellik qadamcha naridan da’vatchining ovozi eshitildi. U atrofiga oʻn-oʻn besh chogʻli odamlarni toʻplab Vatan, ozodlik haqida gapirardi. Avval Zelixon, soʻng Ismoilbey turib, davra sari yurdilar.
— Ayollarimiz mesxetiyaliklar orasida erkak zotidan bormi, deyishyapti. Xoʻsh, ayting-chi, biz itmizmi, kim haydasa dumimizni qisib qochaveradigan. Oʻzbeklarni biz qarindosh derdik, orqadosh derdik. Ular nomardlik qildilar.

Shu payt davra orasidagi bir yigit qoʻlini baland koʻtarib qichqirdi:
— Qonga qon!

Uning bu qichqirigʻi Ismoilbeyning boshiga gurzi kabi urilib, tovoniga qadar zirillatib yubordi. Badaniga qaltiroq yugurdi:
— Zinhor! — deb yubordi u. Toʻplanganlar davra chetidagi qariyaga ajablanib qaradilar. — Zinhor! — deb takrorladi Ismoilbey. — Xudodan qoʻrqinglar! Oʻzbeklarni ayblamanglar! Non bergan jon olmaydi.
— Vatan bir bogʻdir. Bu bogʻning daraxtlari inson qoni ila sugʻorilmagi kerak, — dedi da’vatchi. Ismoilbeyning lablari titrab «Astagʻfirulloh!» dedi-yu, boshqa gapirolmay qoldi.
— Chiroyli gapirding, — dedi Zelixon unga yaqinlashib. — Lekin bu bogʻ seniki emas-ku? Bogʻni yashnatib yuborging kelsa, ana, qoʻlingga qurol ol, Mesxetiyangga bor. Uyingga kirib olganlarni haydab chiqar. Qoʻlingdan keladimi bu ish?

Da’vatchi bu gapdan gangidi, biroq sir boy bermaslik uchun Zelixonga dagʻdagʻa qildi:
— Sen kimsan oʻzing? Qayoqdan kelib qolding?
— Men — chechenman! Men ham Vatanidan haydalgan inson bolasiman. Sen vaysashga usta ekansan. Ammo sen bizga joy bergan, non bergan, oʻlganlarga kafan bergan oʻzbeklarni bilmaysan. Sen unda yoʻq eding. Kecha tuxumni yorib chiqib, bugun elga aql oʻrgatasanmi? Bilib qoʻy, ovozingni oʻchirmasang, kekirdagingni mana shu barmoqlarim bilan sugʻurib olaman. Bu panja shunaqa ishlarga moʻljallangan. Ancha-muncha kekirdaklarni sugʻurib, rohatlangan. Kimsan, deding, a? Bilib qoʻy, men qamoqdagi karamshoʻrvalarni ichib katta boʻlgan odamman. Pachakilashib oʻtirmayman. Men milisangdan ham, hukumatingdan ham qoʻrqmayman. Hammang bola-chaqalaring bilan indamay oʻtirlaring. Yana kim «qonga qon!» desa shu yerda qon qusib qoladi. Men — chechenman! Chechenlar bir soʻzli boʻladi, ha!

Da’vatchi gapirolmay qoldi. Davradagilar asta tarqalishdi.
— Ularni qoʻrqitib yubording, — dedi Ismoilbey.
— Qoʻrqitganim yoʻq. Agar yana gapirsa, rostdanam qilardim shu ishni. Hamma gʻalvani mana shunga oʻxshaganlar boshlaydi. Yuzta miltiq topib, tarqating, anavi goʻl yigitlar oladi. Bu ahmoq esa olmaydi. Birinchi boʻlib qochadi.
— Bular serka toifa odam boʻladi. Qoʻylarni kushxonaga boshlaydi, oʻzi esa omon qoladi. Shunaqalardan oʻzing asra, ey Tangrim!

Bu orada toʻshak, chodir keltirishdi. Zelixon bitta toʻshakni olib kelib, doʻnglikda yolgʻiz oʻtirgan Ismoilbeyga toʻshab berdi.
— Ogʻa, yotib dam oling.
— Sen oʻzing yotaver. Men bu tunni Ollohning zikri bilan oʻtkazarman. Ahadbeyga ham yetdimi toʻshak?
— Ha, bolalariga joy qilib oldi.

Ismoilbey aytganiday qilib, uxlamadi. Yaydoq yerga tiz choʻkib oʻtirganicha ibodat bilan mashgʻul boʻldi. Zelixon toʻshakka yonboshladi. Unga xalal bermadi. Bir-ikki koʻzi ilinganday boʻldi. Subhga yaqin qattiq mudroq bosdi. Ismoilbeyning azon chaqirigʻini eshitib, uygʻondi. Ismoilbey oʻrgatganidek tayamum qildi, unga ergashib namoz oʻqiy boshladi. Ismoilbey farz namozini oʻqib, qa’daga oʻtirganicha qimir etmadi. Zelixon anchagacha toqat bilan oʻtirdi. Bu orada ufq qontalash boʻldi. Atrof yorisha boshladi. Zelixon nima qilarini bilmay, kechagi voqealarni eslab oʻtiraverdi. Ahadbey kelmaganida, bilmaydi, qancha oʻtirar edi... Ahadbey yon tomondan keldi. U ham otasining namoz oʻqiyotganini kuzatgan, uzoq oʻtirib qolganidan ajablangan edi. Otasiga yaqinlashayotib tizzasi ustidagi oʻng qoʻlining koʻrsatkich barmogʻi koʻtarilganicha qotganini koʻrdi. Otasi odatda tashahhud oʻqiyotganida bu barmogʻini bir koʻtarib qoʻyardi. Hozir esa barmoq qotib turibdi.
— Ota, — dedi Ahadbey Ismoilbeyga yaqinlashib. Sado boʻlmagach, engashib, uni yelkasidan ushladi.

Ismoilbey oʻgʻlining bagʻriga beozorgina bosh qoʻydi. Ahadbey otasini bagʻriga mahkam bosganicha nima qilarini bilmay qotib oʻtiraverdi. Zelixon irgʻib oʻrnidan turdi-da, cholning roʻparasiga oʻtdi. Ismoilbeyning koʻzlari ochiq, barmoqlari hanuz kunbotar tomonni koʻrsatib turardi.

4

Bir necha daqiqalik sarosimadan soʻng barchalari bir muammo ustida bosh qotirmoqqa majbur boʻldilar: mayit qaerga va qay holda koʻmiladi? Zelixonning xayoliga bobosining qismati keldi. Bobosi qaytish qilganida kafanni uy egasi bergan edi. Ismoilbeyga kim beradi? Bu masala ogʻir emas. Hukumat vakillari topib berishar. Ammo qaerga dafn etiladi? Gʻassol kim? Qaerda yuvadi? Agar peshingacha dafn etilmasa, bu issiqda... Oqsoqollar turlicha fikr bildirishdi. Vakilning boshi qotdi. Bunaqa holatda koʻpchilikning maslahatiga quloq solinaversa osh pishmaydi. Zelixon buni yaxshi biladi. Ahadbey otasiga oʻxshagan moʻmin odam, kim nima desa koʻnaveradi. Shu sababli Zelixon oʻzicha tadbir belgilab, amalga oshirishga kirishdi:
— Xoʻjayin, menga mashinangni berib tur. Cholni qishloqdagi qabristonga koʻmamiz, — dedi u qat’iy ohangda.
— Yoʻq, mumkin emas. Ahvolni koʻrib turibsiz, — dedi vakil.
— Nimaga mumkin emas? Qishloqda oʻzbeklar turadimi? — Vakil bosh irgʻab tasdiqladi. — Menga qara, xoʻjayin, senga tushunmayroq turibman. Sen oʻzing oʻzbekmisan, axir?

Vakil bu savoldan dovdiradi. Odamlarga bir-bir qarab olib, oʻzbek ekanidan xijolat chekkanday «ha» deb qoʻydi.
— Ikkidan biri, — dedi Zelixon unga qattiq tikilib, — yo sen oʻzbek emassan, yo oʻzbeklarning kimligini bilmaysan. Ismoilbey ogʻam kecha «Non bergan — jon olmaydi» degan edi. Bilib qoʻy, non bergan kafanlik ham beradi, mozoridan joy ham beradi. Seni qara-yu, yana oʻzbekman, deysan. Oʻzbek boʻlganingda oʻlikning ustida bunaqa majlis qilib oʻtirmasding. Mashinangni ber, Ahadbey ikkalamiz tushamiz.
— Yaxshi, mashina beraman, — dedi vakil, — omma, men sizlarni ogohlantirdim. Bir gap boʻlsa men ikki kishi uchun javobgar emasman.
— Qoʻrqma, xoʻjayin, menga tegishmaydi. Men chechenman. Oʻldirishsa, mana, Ahadbeyni oʻldirishar. Bir kishiga javob berasan.
— Biz ham boramiz, — dedi qariyalardan biri, — ikkoving shoʻppayib koʻtarib borasanlarmi?
— Sizlar shu yerda duo qilib oʻtiringlar. Ikkovimiz shoʻppayib qolmasmiz.

Zelixon aytganiday boʻldi. Ular yuk mashinasida yoʻlga chiqdilar. Xotinlar qiy-chuv bilan qoldilar. Zelixon dafn marosimi qanday boʻlishini yaxshi bilmas edi.
— Hozir qayoqqa boramiz? — deb soʻradi Zelixon Ahadbeydan.
— Qishloqqa, — dedi Ahadbey uning savolidan ajablanib, — oʻzing aytding-ku.
— Qishloqqaligini bilaman. Toʻgʻri mozorga olib bormaymiz-ku?
— Ha... balki machitga borarmiz?

Qishloqqa kiraverishda uchragan birinchi kishidan «machit qaerda?» deb soʻrashdi. U berilgan savolga avval tushunmaganday boʻldi. Qayta soʻrashgach, bosh irgʻab «qishloqda machit yoʻq», deb javob berdi. Zelixon bilan Ahadbey «endi nima qildik?» degan ma’noda bir-birlariga qarab oldilar.
— Choyxona bormi? — deb soʻradi Zelixon yoʻlovchidan.
— Bor-da. Toʻgʻriga yurib chapga burilsangʻiz guzarga chiqasiz. Choyxona ashatda.

Hovuz labidagi soʻrida ikki oqsoqol nonushta qilib oʻtirardi. Ahadbey mashinada qolib, Zelixon tushdi-da, ularga yaqinlashib, salom berdi. Chollar oʻrinlaridan turib, qoʻshqoʻllab soʻrashgach, mehmonni nonushtaga taklif qildilar. Mehmon oʻtirib, fotiha oʻqilgach, unga choy tutdilar. Zelixon choydan bir hoʻpladi-da, muddaoga koʻchmoqchi boʻldi:
— Otalar, men chechenman, anavi mashinada qolgan sherigim — turk, — dedi.

Siyrak soqolli chol kulimsiradi.
— Mehmon, sizning kimligingizni soʻraganimiz yoʻq-ku? Chechenmisiz, boshqamisiz, bizga mehmonsiz, bizga shunisi bas.
— Rahmat, ota, zamon algʻov-dalgʻov boʻlganiga shunaqa devdim.
— E mehmon, zamonni qoʻyavering, hozir diydor gʻanimat. Nasibangizda bor ekan, qishlogʻimizga keldingiz. Bir piyola choy ichdingiz. Nasibangizda boʻlmasa, tuya soʻyib chaqirsak ham kelmagan boʻlardingiz. Sherigingizni ham chaqiring, choy ichsinlar, nimaga tushmayaptilar.
— Mashinada yana bir odam bor... Sherigimning otasi...
— Xastamilar, yotibdilarmi?
— Jon berdilar yaqinda, namoz oʻqib turib... Turklar adirda, bilarsizlar. Koʻmish kerak, musulmoncha qilib.

Qariyalar «Olloh rahmat qilsin», deb yuzlariga fotiha tortdilar.
— Otalar, xafa boʻlmaysizlar, bir gap aytay?
— Hech qanaqa gap aytmang, mehmon, biz tushundik. Siz choy ichib oʻtiring, xoʻbmi, qani, Sotvoldi, tur.
— Toʻxta, hovliqmasang-chi, gaplari boʻlsa aytsinlar. Mehmon, ranjimang, Hayitali togʻangiz sal shunaqaroq. Aytovring gapingizni.
— Aytmoqchimanki... chiqimini toʻlaymiz.
— Astagʻfirulloh! — dedi Hayitali oqsoqol. — Sotvoldi, eshitdingmi? Shunaqa gap chiqishini bilganim uchun aytmang, devdim. Endi mehmon, aytishga-ku, aytdingiz, a? Endi picha uyaling. Bizlarni kim deb oʻyladingiz?

Hayitali gapira-gapira soʻridan tushib, kavshini oyogʻiga ildi. Sotvoldi oqsoqol unga ergashdi. Zelixon uchinchi piyoladagi choyni ichishga ulgurmay Hayitali oqsoqol koʻrindi. U choyxona sari emas, mashinaga qarab yurdi. Ahadbeyga qarab: «Endi bandalik-da, inim, xudo sabr bersin», dedi-da, haydovchi yoniga oʻtirdi. «Qani haydang inim», deb yoʻl koʻrsatdi. Zelixon yugurib kelib joyidan jilayotgan mashinaga chiqib oldi.

Mashina bir uy qarshisida toʻxtadi. Bu yerda bir necha odam toʻplanib turgan edi. Zelixon ham, Ahadbey ham bu uy Hayitali oqsoqolniki ekanini keyinroq bilishdi. Mayitni uyga olishgach, Hayitali Ahadbeyga yaqinlashdi.
— Inim, otangizning birodarlari, qoʻni-qoʻshni, qarindosh-urugʻingiz bordir, a?
— Bor, — dedi Zelixon oʻrtogʻi uchun javob berib. — Adirda qolishgan.
— Nimaga qolishdi? Nimaga kelishovurmadi?

Zelixon ham Ahadbey ham bu savolga javob berolmay koʻzlarini olib qochishdi. Hayitali ham savoliga javobni talab qilmadi.
— Siz, inim, — dedi Ahadbeyga qarab, — ichkariga kiring. Gʻassolga qarashasiz. Siz esa men bilan yuring, — dedi Zelixonga. Zelixon «qayoqqa?» deb oʻtirmay, unga ergashdi.

Adirdagi qoʻni-qoʻshni, Ismoilbeyning birodarlarini olib qaytishganda dafn marosimiga lozim boʻlgan yumushlar bajarib boʻlingan edi. Hovliga joy qilingan, katta qozonda esa shoʻrva qaynab turardi.

Ahadbey mashinadan tushayotgan orqadoshlarini koʻrib, yigʻlab yubordi. Otasining joni uzilganidan beri koʻziga endi yosh keldi. U otasining oʻlganidan yoki uning qadridan emas, qishloqdagilarning oqibatidan hayajonlanib yigʻlardi.

Hayitali oqsoqol choʻrtkesar, bir soʻzli edi: dafn marosimidan keyin ham mehmonlarga ijozat bermadi. Shomga yaqin vakil xavotirlanib yetib keldi. Vaqtida qaytmaganlari uchun ulardan oʻpkaladi.
— Qishlogʻimizda avboshlar yoʻq, Xudoga shukr. Shu yerda turaverishsin. Biydek choʻlda nima bor ekan? Chollarni urintirib qoʻyibsiz, inim, — dedi Hayitali unga.
— Boshqa choramiz yoʻq, otaxon, qishlogʻingiz tinch, bilamiz. Lekin bu yerda turklar borligini bilsa, shahardagi betamizlar yetib kelib bir balolarni boshlaydi. Adirda bularni askarlar qoʻriqlaydi.
— Toʻrtta-beshta bezorini jilovlay olmasangiz, nima qilib hukumat boʻlib yuribsiz, inim, shu ham ishmi? Yomonga yomon boʻling, shartta-shartta oting-da, vassalom!
— Aytishga oson... — deb mingʻirladi vakil, soʻng Zelixonga «bu gʻalvani siz boshlab edingiz, endi oʻzingiz eplang bu yogʻini» deganday najot koʻzi bilan boqdi. Zelixon Hayitali oqsoqolga, uning hamqishloqlariga minnatdorlik bildirib, qariyalarni mashinaga taklif etdi.

5

Oʻsha doʻnglik... Yana ikki kishi... Yana shom... Ammo shom azoni eshitilmaydi. Hech kim namoz oʻqimaydi. Doʻnglikdan ikki qadam narida Ahadbeyning oilasi, qoʻshni xotinlar, bolalar...

Ahadbey bilan Zelixon qontalash ufqqa tikilishgan. Aytadigan soʻzlari yoʻqday... Jim... Jimlikni bolalarning ovozlari buzadi:
— Zarine, kel, mehmon-mehmon oʻynaymiz. Sen mehmon boʻlasan...
— Oʻynamayman. Hali haydab yubording-ku. Senga mehmon boʻlmayman...

Bolalarning suhbatiga Ahadbeyning xotini qoʻshiladi:
— Zerine, oʻynay qol, Gulsine mehmonni haydamaydi, u oʻzbek emas.

Bu gap xayolga berilgan doʻstlar qulogʻiga oʻqday urildi. Ahadbey sapchib oʻrnidan turdi-da, xotiniga yaqinlashib yuziga tarsaki tushirdi. Bunga ham qanoat hosil qilmay tepdi. Yana tepmoqchi boʻlganida Zelixon oʻrtaga tushdi.
— Nimaga urasiz? Gunohim nima? — dedi xotin yigʻlamsirab.
— Sen ahmoq odam aytadigan gapni aytding, — dedi Zelixon.
— Qaysi gap? — deb ajablandi xotin.

Ahadbey unga javoban soʻkindi. Zelixon uni yelkasiga qoʻlini qoʻyib nariga boshladi. Xotin javrab qolaverdi.
— Parvo qilma, xotin zoti nima gapirganini oʻzi ham bilmaydi, — dedi Zelixon doʻstiga tasalli berib.

Atrofga qorongʻilik choʻka boshladi. Katta chodir yaqinida ovqat ulashildi. Ular borishmadi. Yana kunbotarga tikilgancha jim oʻtirdilar.
— Barmoqlarini toʻgʻrilash mumkin boʻlmadi, — dedi Ahadbey.
— Nimaga koʻtargan ekanlar, bilmaysanmi?
— Namozda shunaqa odatlari bor edi. Bir kuni soʻrasam, paygʻambar afandimizdan sunnat devdilar. Muhammad alayhissalom namoz oʻqib oʻtirganlarida togʻ qulay boshlagan ekan. Namozni buzmay koʻrsatkich barmoqlarini koʻtarganlarining oʻzida togʻ qulashdan toʻxtagan ekan.
— Men «Mesxetiyam shu yoqda» deb koʻrsatmoqchi boʻlganmilar, deb oʻylabman.

Ahadbey bosh chayqaydi-yu, yengil xoʻrsindi. Soʻng oʻziga-oʻzi gapirganday dedi:

Qoʻnma bulbul, qoʻnma bulbul

Daraxt shoxiga,

Nalar keldi, nalar keldi

Yurtim boshiga...
— Nima deding, tushunmadim?
— Bolaligimda otam shuni xirgoyi qilib yurardilar. Xalq qoʻshigʻi, der edilar.

Bu gapdan keyin Zelixon kecha tundagi suhbatni yodga oldi. Ismoilbey Vatan haqida gapira turib: «Agar sendin tonar boʻlsam, nasibam ohu zor oʻlsun», deb xoʻrsinib qoʻygan edi. Zelixon bu gapni xotirasiga muhrlashga harakat ham qilmagandi. Hozir nechundir esladi. Eslab turib, badanida xuddi minglab chumoli barobar oʻrmalagandek seskandi.

Yarim tunga qadar suhbatlashib oʻtirdilar. Tongga yaqin bir-birlariga suyangan holda pinakka ketdilar. Zelixon bir tutamgina uyqusida ikki marta choʻchib uygʻondi. Har safar yoniga Ismoilbey kelib xoʻrsinadi-da, qulogʻiga shivirlaydi: «Agar sendin tonar boʻlsam, nasibam ohu zor oʻlsun».

Ertalab «yoʻlga hozirlaninglar» degan buyruq berildi. Peshinga yaqin turnaqator boʻlib avtobuslar koʻrindi. Qayoqqa borajaklarini hech kim bilmas edi. Kimdir umid bilan «Mesxetiyamizga olib borishsa edi», dedi. Dam oʻtmay bu umid «Mesxetiyaga qaytar ekanmiz» degan haqiqatga aylanib, tirnalgan qalblarga malham boʻldi.

Avtobuslar shaharga yaqinlashayotganda Zelixon Ahadbey bilan xayrlashdi.
— Qaerga borsang ham, seni topaman. Bu yerda qiladigan chala ishlarim bor.
— Tinch yur. Biz bilan ketaver. Chala ishlaring chalaligicha qolaversin.
— Hozir keta olmayman. Seni topaman...

Avtobus aeroport yonidan oʻtayotganida Zelixon tushib qoldi. Avtobuslar shoshilmay, sekin yurishardi. Zelixonning nazarida ular odamlar qalbidagi dardning ogʻirligini tortolmayotganday edi. U avtobuslar ortidan kelayotgan harbiylar mashinasi koʻzdan yoʻqolguncha koʻzini yoʻldan uzmadi. Shu holda turganida oʻsha tanish ovoz qulogʻi ostida yana shivirladi: «Agar sendin tonar boʻlsam, nasibam ohu zor oʻlsun...»

IV bob

1

Zohid Mahmud Ehsonovni soʻroqqa chaqirishga chaqirdi-yu, keyin toʻgʻri qildimmi, deb boshi qotdi. Shu holda garang boʻlib oʻtirganida xonasiga mayor Soliev kirib keldi. Zohid unga Jamshidning uyiga borgani, oʻgay onasi bilan gaplashgani haqida gapirib berdi. Qisqa hisobotning oxirida Mahmud Ehsonovni chaqirtirganini ham aytib «bunisiga nima deysiz» degan ma’noda mayorga tikildi. Mayor uning nigohidagi savolni toʻgʻri uqib, javob berdi:
— Bekor chaqiribsan. Uning kimligini bilarding-ku? Asadbek koʻproq shuning maslahatiga yuradi, deyishadi. Bu Chuvrindi Asadbekning boshi, Kesakpolvon deganlari oyoq-qoʻli.
— Demak, chaqirtirib toʻgʻri qilibman. Demak, hamma ishlarning tepasida shu odam turgan. Demak, kalavaning uchi shuning qoʻlida. Demak...
— Demak, — dedi Soliev istehzo bilan, — demak, sen hali hech narsaga tushunmabsan. Ma, oʻqi. — U yon choʻntagidan bir varaq qogʻoz chiqarib, Zohidga uzatdi.

Zohid yozuvlarga bir koʻz yugurtirib, keyin mayorga hayrat bilan qaradi. Soʻng yana oʻqidi.
— Murda avval yorib koʻrilgan? Bosh miya, buyraklari olingan? Oʻsha yondirilgan murdami? Qayoqdan chiqdi bu gap?
— Avvalgi ekspertiza xulosasini amaliyotchi talaba yozgan ekan. Bularni yozish shartmasdir, deb oʻylaganmish. Boʻlim boshligʻi bugun bilib qolib, menga qoʻngʻiroq qildi. Uzr soʻradi. Yopigʻliq qozon yopigʻligʻicha qolsin, deb yalindi.
— Birovga jon shirin, birovga joy shirin, — deb toʻngʻilladi Zohid. — Bunaqa boshliqlarning onasini...

Zohid oʻsha boʻlim boshligʻining onasini nima qilish lozimligini aytdi-yu, tilini tiyolmagani uchun Solievdan xijolat boʻldi. Bir tomondan, gʻazab, bir tomondan, xijolat iskanjaga oldi. Mayor «oʻziga kelib olsin», deb indamay oʻtirdi. Zohid odati boʻyicha, bir varaqqa qandaydir formulalar yozdi, oʻchirdi, yana yozdi. Fikrini sal jamlab olgach, mayorga qarab kechirim soʻradi.
— Bu qoʻshimcha xulosasiz ham murda Jamshidniki emasligi bizga aniq edi. Murdaning kimligini endi aniqlab boʻlmas. Falokatga uchragan, oʻlikxonada egasiz yotgan balki biron mehmondir.
— Bu tomosha ularga nima uchun kerak? Shunga aqlim yetmayapti.
— Ularga, deganing kim?
— Asadbekka-da.
— Bu ishni Asadbek qilgan, deb ishonyapsanmi?
— Axir Jamshid deb koʻmishibdi-ku? Oʻlikxonadan bizning ruxsatimizsiz olishgan. Qalbaki hujjat tayyorlashgan.
— Ehsonovga shularni aytasanmi?
— Aytmayinmi?
— Arqonni uzun tashla. Ular bizni laqillatmoqchi boʻlishibdimi, mayli, laqmaga oʻxshab koʻrinaver. Biz Jamshidni qidirishimiz kerak.
— Tirik deb oʻylaysizmi?
— Bilmadim. Balki tirikdir. Balki oʻldirib koʻmib tashlashgandir. Harholda, ular Jamshidning tirik ekaniga ishonishimizni istashayotganga oʻxshashadi. Ekspertiza xulosasidagi kamchilik bekorga aniqlanmagandir. Boʻlim boshligʻi indamay qoʻya qolsa ham boʻlardi.
— Yana bir gumon bor: balki ikkala oʻlimning qotili bir ekaniga ham ishontirishmoqchidir? Birinchisi — chinakam qotillik. Jalol Komilov qiynab oʻldirilgan. Balki qotil Jamshiddir? Bugun uni oʻldiga chiqarib, ertaga boshqa hujjat, boshqa ism bilan tiriltirishsa-chi? Ikkinchisi qotillik emas, shunchaki oʻyin. Bir necha kun avval oʻldirilgan odamning erkakligini kesib tashlashdan maqsadlari nima? Qotilning uslubi shu, deyishmoqchimi? Jamshid avval bir qizni zoʻrlamoqchi boʻlgani uchun qamalgan. Erkaklikning kesib tashlangani shunga ishora emasmi? Ha, aytmoqchi, marhumning buyraklari nega yoʻq boʻldi? Jigar ezilgan, bosh mayib. Har holda, mashina urib yuborgan boʻlsa kerak. Buyraklarning kimga keragi bor?
— Ilmiy tadqiqot uchun olishgandir. Buyrakni koʻchirib oʻtkazish markazi bor, eshitmaganmisan? Buyragi quriy boshlagan odamlar shunaqa hodisa boʻlishini kutib yotishadi. Qiziq-a, oʻlmay qolish uchun boshqa bir odamning oʻlishini kutib yotishadi.
— Ha... — dedi Zohid, yengil xoʻrsinib, — oʻlmay qolishning turlari koʻp.

Shu payt xonaga Hamdam kirib keldi. Koʻrinishdan kayfiyati yaxshi edi. Zohid bilan koʻrisha turib «bitta oshga tushding, prokuror» deb qoʻydi.
— Zohidni bitta osh bilan qoʻrqita olmaysan, — dedi Soliev. — Qotilni topgan boʻlsang, qoʻy soʻyadi. Aroq-sharogʻi mendan.
— Bunisi ham boʻladi, — dedi Hamdam kaftlarini bir-biriga ishqab. — Bugungisi bitta oshga arziydigan gap. Zohid, akangning tagi qimirlab qolganga oʻxshaydi.
— Qaysi akamning?
— Sobiq boshligʻing, kapitan Mirsultonov akang emasmi? Xoʻ-oʻsh... bizdan oʻtgan ikki-uch ishni shahar sudi qaytargan edi. Bugun yuqorida kapitanni burashibdi shekilli. Hozir menga hasrat qilib qoldi. «Joyimga birov koʻz tikib turibdi, ezmasdan toʻgʻrisini ayta qolishmaydimi?» deydi. Men ham toʻgʻrisini aytdim-qoʻydim. «Akaxon, — dedim, — ayb oʻzingizda, qoʻrqoqlik bilan uzoqqa borib boʻlmaydi. Qoʻlga tushgan jinoyatchi albatta falonchining oʻgʻli boʻladi yoki pistonchining jiyani, yo qoʻshnisi boʻladi. Busiz iloj yoʻq. Hammaning koʻngliga qarab ish tutsak, ertalab qoʻlga olib, kechqurun uzr soʻrab chiqarib yuboraveramiz. Shuning uchun ham bizni birov bir tiyinga olmaydi», dedim. Shunaqa, prokuror, yigʻlab yuboray deb oʻtiribdi akang.

Zohidga bu gaplar malol keldi. Ayniqsa Solievdan xijolat boʻldi. Unga qaramaslikka tirishib:
— Hamdam aka, birovning tashvishidan quvonganimni avval koʻrganmidingiz? — dedi.
— Buning nimasi tashvish? Sen haqiqatparastsan-ku? Haqiqat istar eding, roʻyobga chiqyapti. Oʻz oʻrniga nomunosib odam ketadiganga oʻxshaydi.
— Oʻz oʻrniga munosibi keladimi? — dedi Soliev uning gapini boʻlib.
— Bunisi endi Xudoga bogʻliq. Boʻpti, bu gapim yoqmasa, yoqadigani ham bor: bitta insofli odam topildi. Shoir ekan. Guvohlikka chaqirmaslikka ming marta qasam ichirib, keyin bir mashinaning nomerini aytdi. Kerak boʻladi, deb yondaftariga yozib qoʻyibdi. Aytgisi keladi-yu, qoʻrqadi — u koʻkrak choʻntagidan bir parcha qogʻoz olib Solievga uzatdi. Mayor qogʻozga koʻz yugurtirdi-yu, betoqat qarab turgan Zohidga uzatdi.
— Yana oʻsha taksoparkmi? — dedi Zohid ajablanib. — Nima, bu tasodifmi?

Soliev «bilmayman» deganday yelkasini qisib qoʻydi.
— Ikkidan biri: yo tasodif, yo kimningdir befahmligi.
— Yoki, — dedi Soliev, — bizni kimdir mayna qilmoqchi, laqillatmoqchi. Shu uchinchisi toʻgʻri boʻlsa kerak. Raqibni hech qachon befahm deb oʻylamanglar. Agar shunday oʻylasanglar, oʻzlaring kaltafahm boʻlib qolasanlar. Taksoparkka bormagandirsan?
— Qarang, shu ishga kelganda fahmim uzunlik qilib, bordim, — dedi Hamdam kesatib. Haydovchi Sayfi Turdiev. Uch kunga ruxsat olib Uchariqqa ketibdi. Ukasi qamoqda ekan. Ertaga ishga chiqadi.
— Ertagacha Uchariq bilan bogʻlana olamizmi? — deb soʻradi Zohid mayor Solievdan. U mayorga toʻgʻridan-toʻgʻri ish buyuraverishdan andisha qilib, ba’zan shunday savol bilan murojaat etardi. Soliev bu ishning muhimligini bilgani uchun telefon goʻshagini koʻtarib, kerakli boʻlim bilan suhbatlashib topshiriq berdi.
— Bugun kun isidi, — dedi Hamdam yelpinib. — Prokuror desa, savlatingdan eshak hurkadi-yu, xonangga bitta konditsioner qoʻydirsang boʻlmaydimi? Oʻrtoq mayor, siz telefonda gaplashguningizcha men kaltafahmlik davosini oʻylab topdim. Aytaymi?
— Ayt, — dedi Soliev kulimsirab, — piching darsidan bahoing a’lo, qani gapir-chi, uzunfahm.
— Doʻxtir yozib bergan zoʻr dori bor. Nomi «Vitamin-P». Uni topish uchun hozir shogirdingiz navbatchi mashinani chaqiradi. Ikki soatga «maxsus topshiriq» bilan bir joyga borib kelamiz. Qayoqqa, deb soʻramaysanmi, prokuror?
— Soʻramayman, gapingizdan qitmirlikning hidi kelib turibdi.
— Qitmirlik emas. Hali bu taklifim moydek yoqib, menga rahmat, akaxon, ham deysan. Xullas, gap shuki, sen mashina chaqirasan, biz oʻtiramiz, keyin anhor boʻyidagi oʻzing bilgan pivoxonaga boramiz. Sen bitta, men ikkita pivo ichamiz. Jaz-buz deganday, a?

Zohid Hamdamning maqsadini anglab, jilmaydi. U anhor sohilidagi koʻrimsiz pivoxonani bilardi. Hamdam «bu pivoxona emas, mish-mishxona, har qanday axborot shu yerga oqib kelib, jamlanadi», derdi. Hamdam pivoxona xoʻjayini bilan oʻzaro ogʻzaki shartnoma tuzib olgan edi. Bu shartnomaga muvofiq Hamdam uni nazoratchilardan himoya qilardi, u esa barcha mish-mishlarni oqizmay-tomizmay Hamdamga yetkazardi. Ham tijorat, ham siyosat, deganlariday, Hamdam ham boʻlayotgan yoki sodir boʻlishi kutilayotgan voqealardan ogoh etilardi, ham baqaloqning ziyofatidan huzur topar edi. Aynan shu mish-mishxonadagi gaplar unga ba’zan chigal masalalarni yechishga yordam berardi. Zohid buni bilgani uchun ham jilmayib:
— Rahmat, akaxon, — dedi, soʻng Solievga yuzlandi. — Maqsud aka, bu topshiriqni bajarmasak boʻlmaydi. Fahmni charhlab kelaylik.

Bir necha daqiqadan soʻng uchchovlari mashinaga oʻtirib, eski shahar tomon yurdilar. Bozordan oʻtganlaridan soʻng yoʻl boʻyida ikki-uchta gʻisht ustiga qoʻyilgan boʻsh pivo idishlari koʻrindi.
— Koʻcha harakatining yangi belgilari, — dedi Zohid kulib.
— Militsiyada endi ish boshlaganimda ustozim boʻlardi, urushda jang qilgan, halol inson edi, — dedi Soliev. — Ammo xayolparastroq edi, bechora. Oʻsha odam, hademay toʻqchilik boshlanib, jinoyat kamayadi, derdi. Toʻqchilik ham boshlandi, erkinlikni ham berib yuborishdi. Mana ahvol. Xohla molingni sot, xohla oʻzingni sot. Pul topib oʻzingni xursand qilsang boʻldi.

Mayorning gaplarini eshitib kelayotgan Hamdam bir shumlikni oʻylab mashinani toʻxtatdi. Pastga tushib yoʻl yoqasidagi boʻsh shishalarni bir chekkadan yigʻishtira boshladi. Tol soyasidagi pivoli shishalarni olayotganida sal narida turgan xotin «hay-hay»lab yugurib keldi.
— Hoy, baloyi nafs, nima qilobsan?
— Musodara qilyapman.
— Kimsan oʻzing, musodara qilasan?
— Melisaman.
— Koʻrsat qogʻozingni.
— Ana, — dedi Hamdam mashinani koʻrsatib.
— Bunaqa moshin Haydar jinnida ham bor.
— Qani yur, boʻlmasa. Moshinga oʻtir, Haydar jinnini melisada aytasan.
— Ha, baloyi nafs, pivoni qoʻy joyiga. Haqqingni beray. Shune sotmasam bolalarem och.
— Bolang hozir och emas, yolgʻon gapirma. Hozir olib borib qamayman, keyin och qoladi.
— Hay, hay, sovuq gap gapirma, bacham. Oʻrtogʻung durust bacha ekan, sen nodurust ish qilma.
— Qaysi oʻrtogʻim?
— Doniyor-da. Ertalab kelade, haqqini olade, ketade. Qamayman, demayde, senga ham berayinme?
— Doniyorni ham qamayman, — dedi Hamdam jiddiy tusda. Ayol: «Doniyorni qamasa kattaroq kishi ekan», deb oʻylab, dovdiradi. Hamdam Doniyor degan yigitni tanirdi. Unga ham bir qitmirlik qilib qoʻygisi kelib ayolga qat’iy tarzda buyurdi: — Xoʻ-oʻsh, buguncha seni qamamayman. Shu koʻchadagi hamma chayqovchilarga aytib chiqasan: agar shu ishni yigʻishtirmasalaring, Sibirga olib borib qamayman. Doniyorga ham ayt, general kelib seni soʻkdi, deb ayt.
— Ibi, siz ginrolmi?
— Ishonmaysanmi? Qogʻozimni koʻrsataymi?
— Ishondim, oʻrtoq ginrol. Hammasi yest boʻlade. Uyda xaladiynada muzdagi bor, olib chiqaymi? Sizga tekun.
— Pora bermoqchimisan?
— Pora emas, bolangdan aylanay ginrol. Yordamchilaringiz ichsun, duo qilsunlar.
— Sen buyurgan ishimni bajar. Mashinaning noʻmerini koʻrdingmi? Yodlab ol, Doniyor soʻraydi. — Hamdam shunday deb yukxonasi eshigini yopdi-da, mashinaga oʻtirdi. Ayol: «Bu rostdan ginrol boʻlsa, nima uchun shisha yigʻishtirib yuribdi», deb oʻylamadi ham.

Mashina yurgach, Hamdam qilgan ishidan zavqlanib, xaxolab kuldi.
— Doniyorni taniysan, a? Anavi yumshoq supurgi-chi? Bularni soqqani kelganida xotindan bu gaplarni eshitadi. General kim ekan, deb boshi qotadi. Mashina nomerini bilgach, prokuraturadan kim kelibdi, deb paytavasiga qurt tushadi.

Zohidga ham, mayorga ham Hamdamning bu shumligi ma’qul kelib, kulimsirab qoʻyishdi.

Anhor sohilidagi pivoxona boʻsh, koʻylagi tugmachalarini yechib, yelkasiga kirlangan sochiq tashlab olgan xoʻjayin hisob-kitob bilan band edi. Yoʻl chetida toʻxtagan «Volga»ni, undan tushayotgan Hamdamni koʻrib, irgʻib oʻrnidan turdi-da, yoʻl-yoʻlakay koʻylagi tugmalarini solib ularga peshvoz chiqdi.
— Hisob-kitob qalay, qurugʻidan tushib turibdimi? — dedi Hamdam u bilan soʻrashib.
— Ha endi, sizlar bor, hisob ham qoyili maqom-da.
— Hisobing biz bilan emas, loʻlilar bilan bitadi. Loʻlilar pivofurushlikni oʻrganganlaridan beri yayrab qolding, a?
— Ha endi, akaxon, tirikchilik, oʻzingiz bilasiz. Joyni qaerga qilay?
— Shu soʻraydigan gapmi? Mana bu yigitni taniysan, a?
— Ha. Akaxon, kamnamo?
— Bu hozir prokurorlarning kattasi boʻlib ketgan. Mashinasini koʻrdingmi?
— Koʻrdim, qoyili maqom. Muborak boʻlsin, akaxon.
— Bu kishi shu prokurorning ustozi. Bilding, a, shunga qarab muomala qilaver.
— Muomalaning zoʻri bizda-da. Chexnikidan olib qoʻyibman.

Ular pivoxonaning orqa tomoniga oʻtishdi. Xoʻjayin baqaloq boʻlgani bilan chaqqon edi.
— Akaxon, kallangiz gʻij-gʻij aql-da. Kelib juda yaxshi qilibsizlar. Issiqni qarang, yamlamay yutaman, deydi. Bugun qirqdan oshar, a?
— Shu ham issiqmi? — dedi Hamdam. — Ellik boʻlganda edi, suyaklarga sal issiq oʻtardi.
— Gapni ham olasiz, a? — deb qorinlarini selkillatib kuldi xoʻjayin.
— Biz yuz darajada qaynaydigan odamlarmiz. Qirqing nima ekan.
— Gapni ham ezvordingiz.
— Oʻzing yetmish olti boʻlib olibsan shekilli?
— Ha endi, akaxon, kecha koʻpayib ketgan ekan. Qultomitsindan sabuhiy aylamasak bosh ogʻriq bosilmaydi.
— Eshitdingizmi? — dedi Hamdam mayorga qarab. — Poxmelni «sabuhiy» deydilar, bu akam. Odamlarning issigʻi oʻttiz olti boʻlsa, bu akaxonniki hamisha yetmish olti. Aroqdagi qirq darajani qoʻshib yuradilar. — Hamdam uning qorniga qoʻlini bigiz qildi. — Bu qorin emas, restoranning ombori.

Soliev bu hazildan kulib qoʻyib, pivoxona xoʻjayiniga zimdan nazar tashlab qoʻydi.

Muzdek pivodan ichishayotganda xoʻjayin gʻoyib boʻldi. Dam oʻtmay ikkitadan non orasiga qoʻyilgan kabobni koʻtarib keldi.
— Shuni tamaddi qilib turinglar. Dimlamani ham boplab qoʻydim. — U shunday deb iziga qaytmoqchi edi, Hamdam toʻxtatdi:
— Yangiliklardan gapir.
— Yangilik uncha yoʻgʻam. Kecha toʻqqizinchi qavatdagi bitta juvon oʻzini tashlabdi. Avval oʻzini osmoqchi boʻlgan ekan. Sal esi ogʻibroq qolgan ekan, deyishdi. Eri...
— Xoʻp, buni bilaman.
— Boshqa gap yoʻq, boʻlmasam.
— Bordir, eslab koʻr. Bitta odamni osib, yoqib yuborishibdi-ku?
— E, umi?.. — Xoʻjayin sal dovdirab Solievga xavotir bilan qarab qoʻydi.
— Gapiraver, — dedi Hamdam uning xavotirini sezib. — Seni soʻroq qilgani kelishgani yoʻq. Dimlamangni maqtab olib kelganman bularni. Xoʻsh, odamlar nima deyishyapti?
— Ha, endi odamlarni bilasiz-ku?
— Gapni yamlama.

Xoʻjayin gapimni birov eshitib qolmasin, deganday qaddini sal egib, pastroq ovozda dedi:
— Asadbekning odamini oʻldirib ketishganmish. Asadbek uni oʻz oʻgʻliday yaxshi koʻrarkan. Shuning uchun oʻzining uyidan chiqarishibdi.
— Bunisi yolgʻon, — dedi Hamdam. — Sherigining uyidan chiqarishgan.
— Eshitganimni aytdim, oʻzimdan qoʻshmadim.
— Xoʻp, kim oʻldiribdi?
— Biri u deydi, biri bu deydi.
— «U», «bu»ning oti bormi?
— Hosilboyvachchaning Shomil degan yigiti bor ekan, oʻshaning ishi deyishyapti. Yana bittasi Moysyanmidi... oʻshaning odamlari ham chatoq emish-da. Asadbek bilan vinzavodni talashishayotgan ekan.
— Yana?
— Boʻldi.
— Bu dimlamangni xom pishiribsan. Gaplaringga besh ketmadim. Bor, ovqatga qara. Ha, shopirning qornini toʻygʻaz. Yukxonada shishalar bor, loʻli xotinlaring berib yuborishdi. Senga duoyi salom, oʻsha. Shuning hisobiga shopirga ham ber pivongdan, uyiga borganida ichar. Bilib qoʻy, oʻsha odamni Asadbekning oʻzi oʻldirtirgan. Yana birovga gullab qoʻyma.

Xoʻjayin uzoqlashgach, Zohid Hamdamga norozi qiyofada boqdi.
— Nega unday dedingiz? Gullab qoʻyma, deganingiz bilan bugunoq olamga yoyar?
— Menga shunisi kerak-da. Shu gap Asadbekka yetib borsin. Buni asp yurish deydilar.

2

Anvar Elchinni yoʻqlab kelganida chindan ham xush kayfiyatda edi. U bir necha yildan beri ruhiyatdagi oʻzgarishlarni kuzatib, bu kun kayfiyati yaxshi yo yomon boʻlishini tongdayoq sezadigan boʻlib qolgan. Mana shu sezgi ruhiga oʻzi xoʻjayin emasligini anglatgan. Ba’zan sababsiz holda koʻngli ravshanlashib ketadi. Ba’zan esa gʻashlanadi. Birov uni urishmaydi, soʻkmaydi. Lekin koʻngli gʻashlanib yuraveradi.

Bu tun uyqusi yaxshi boʻlmasa ham tetik holda uygʻondi. Nonushta payti choy uzatayotgan xotini shiringina jilmayib qoʻydi. Mana shu jilmayish unga yoqib ketdi, tuygʻularini qitiqlab uygʻotdi. Onasi boʻlmaganida shartta turib, bagʻriga olishi tayin edi. Onasi ham nonushta payti nasihatlarini, hasratlarini unutib, Xonzoda keliniga yoshligidagi ajib voqealarni soʻzlardi. Ishga otlanish chogʻida xotini yana bir jilmayish bilan koʻngliga navbatdagi chiroqni yoqdi. Bu safar jilmaygani uchun eridan mukofotini oldi.
— Nimaga ertalabdan jilmayib qolding? — dedi Anvar uni bagʻridan boʻshatib.
— Jilmayib boʻlmaydimi, xoʻmrayib yurayinmi?
— Endi aytaman-da. Bekorga jilmaymassan?
— Bekorga emas, haqqini oldim-ku?

Bu nozli gapdan soʻng bir jilmayishning haqqi ikki hissa tarzida taqdirlandi.
— Oyim aytdilar, eringizga ertalabdan jilmaysangiz, uyingizga farishta kiradi, dedilar.
— Yaxshi gap ekan. Oldinroq aytmaydilarmi shu gapni.

Anvar kuzatgan: yaxshi kayfiyat bilan uydan chiqsa, avtobus ham darrov kela qoladi, odam koʻp boʻlmaydi, eng qizigʻi — faqat chiroyli qiz-juvonlarni uchratib, koʻngli yayraydi. Aksincha, dili xufton tarzda chiqsa, avtobusni uzoq kutadi, odam koʻp boʻladi, xunuk qiz-juvonlarni koʻrib, gʻashi keladi.

Bugun malohatli qiz-juvonlarni koʻrish nasib etgan kun edi. Avtobusda, xuddi atayin uyushtirganday, bittagina joy boʻsh edi. Anvar goʻzalligini ta’rif etmoqqa soʻz ojiz bir qiz roʻparasiga oʻtirdi. Qarab qizni hijolat qilmay desa ham, koʻzi qurgʻur boʻysunmadi. Qiz bunday suqli qarashlarga koʻnikkan yoki bezib ketganmi, beparvo holda deraza osha koʻchaga koʻz tikkan edi. Anvar beixtiyor ravishda:

Labing malohati gʻavgʻo qoʻpordi olamdin,

Shakarni boʻyla kishi qayda koʻrdi shoʻrangiz, —

deb yuborgisi keldi-yu oʻzini tutdi. Manziliga yetganida uni birov boʻynidan boʻgʻib tushirganday boʻldi. Avtobus izini koʻzlari bilan oʻpdi — chunki unda malohat sohibasi bor edi. Oʻpa turib alam qildi: sen ham odammisan, deb bir qarab qoʻymadi-ya!

Institutga kiraverishda toʻrxalta koʻtargan oʻrta yosh kishi uni toʻxtatdi:
— Jiyan, shu yerda ishlaysizmi? — deb soʻradi u.
— Ha, — dedi Anvar unga salom berib.
— Menga bir odam kerak. Xolidiy degan olim. Shu yerda ishlar ekan?

Anvar bu nomni eshitib unga zimdan koʻz yugurtirdi. Koʻrinishidan kambagʻalgina, soddagina kishi. Toʻrxaltada ikkita kitob. Belboqqa oʻralgan narsa non boʻlsa kerak. Shimlari gʻijim. Poezdda shu holda yetgandir. Yuvilaverib holdan toygan koʻylak yoqasining uchlari shoyigulning barglariga oʻxshab buralib qolgan. «Qarindoshiga oʻxshamaydi. Qiziq, nimaga kerak ekan?»
— Xolidiy domlangiz hali kelmagandirlar. Ish vaqti boʻlgani yoʻq.
— Choy-poy ichib kelsammikin? Ikki soatdan beri shu yerdaman. Poezddan tushib toʻgʻri kelavergan edim.
— Ie, shunaqami, yuring, boʻlmasa, choy-poyni birga ichamiz.

U «qanday boʻlarkin?» deb istiholaga borib oʻtirmay, Anvarga ergashdi. Anvar xonaga kirib choy qoʻydi. U kishi toʻrxaltadan belbogʻni olib, ochdi. Bitta non, uch-toʻrt qant-qursni oʻrtaga qoʻydi. Nonni sindirdi-da:
— Oling, jiyan, mozorbosdi, — dedi.

Choy ichayotgan mahalda Anvar soʻramasa ham, oʻzi muddaoga koʻchdi:
— Men maktabda tarixdan dars beraman. Uch-toʻrt kun burun bitta kitobcha qoʻlimga tushib qoldi. Chiqqaniga ancha boʻlgan ekan. Mana, — u toʻrxaltadan kitobchani olib Anvarga uzatdi. — «Qishloqlarda Sovet hokimiyatini mustahkamlashda partiya yacheykalarining roʻli» ekan.
— Bilaman, koʻrganman, — dedi Anvar, kitobni qoʻlga ham olmay.
— Bilmaysiz, jiyan, — dedi mehmon kitobni varaqlab. — Kitob asosan Shotoʻra, Sultonobod, Mushtketdi qishloqlari misolida yozilgan. Bitta gapi ham haqiqatga toʻgʻri kelmaydi.
— Unchalik emasdir, — dedi Anvar. — Shu ishi uchun bu odamga fan doʻktoʻri degan ilmiy unvon berilgan.
— E balo berilmaydimi, menga desa! Yolgʻon gaplar yozilgan deyapman-ku, sizga! Oʻn yetti-oʻn sakkizinchi yillarda bu qishloqlarda partiyaning urvogʻi ham boʻlmagan. Partiya nimaligini bilishmagan. Hamzaning «Fargʻona fojiasi» degan asarini eshitganmisiz? Faqat oʻqiganman, deb yolgʻon gapirmang.
— Oʻqiganman, desam nega yolgʻon boʻladi?
— Ana koʻrdingizmi, siz ham buning tarixini bilmaysiz. Bu asarning nomigina qolgan, xolos. CheKa uni oʻsha yillariyoq yoʻq qilib yuborgan. Bu asarda Hamza dashnoqlarning yovuzligini tasvirlagan ekan. Tomoshani Toshkentda bir martagina koʻrsatishgan. Ikkinchisida CheKa bosgan. Keyin Turkkomissiya Fargʻonani tekshirib, Hamzani haq deb topgan. Dashnoqlarga chora koʻrganday boʻlishgan. Ana oʻshandan keyingina mahalliy millatdan partiyaga olish kerak, degan masala koʻtarilgan. Birinchi bolshevik paydo boʻlganda bosmachilarni qirib bitirishgan edi. Xolidiy deganingiz tarixchimi oʻzi?
— Oʻ, nimasini aytasiz, tarixchi boʻlganda ham zoʻrlaridan.
— E, oʻrgildim.
— Choyni ichib boʻlganga oʻxshaysiz, a? Men sizni bir xonaga kuzatib qoʻysam. Oʻlmas Akrom degan bir yigit shu dargohning xoʻjayini. «Menga Xolidiy domla keraklar, kitoblarini oʻqib, atay yoʻqlab keldim», deysiz. Boshqa gapni aytmay turasiz. Xolidiyni darrov chaqirtiradi. Ana undan keyin aytasiz.

Anvar shunday deb uni qabulxonaga boshladi. Kotibaga mehmonni tanishtirgach, iziga qaytdi. Yana bir necha daqiqadan soʻng sodir boʻlajak voqeani koʻz oldiga keltirib oʻzicha jilmayib qoʻydi: ...avvaliga Oʻlmas Akrom ham, Xolidiy ham quvonadi. Kitobimni oʻqib, ziyorat qilgani kelibdi, deb taltayadi. Soʻng... tarix oʻqituvchisidan eshitadiganini eshitib, yetti qavat terisi shilinib tushadi. Oʻlmas tarix oʻqituvchisini «izzat-ikrom bilan» koʻchaga qadar kuzatib qoʻyadi. Soʻng kotibadan mehmonni kim boshlab kelganini soʻraydi...

Koʻp oʻtmay hamxonalari kelishdi. «Eng kichik ilmiy xodim» Anvar bilan salomlashib, hol-ahvol soʻragach, kitob varaqlashga tushdi. «E gʻofil banda, — deb oʻyladi Anvar, — tarix ilmini suvdek ichib yuborsang ham, Xolidiyga mute boʻlish ilmini egallamasang, shu holda qogʻoz titib umringni oʻtkazasan. Sen ishga vaqtida kelding. Ahmoq boʻlib joyingda oʻtiribsan. Boshqalarga qara, dahlizda turishibdi. Ustozga salom berish uchun uning yoʻlini poylashyapti. Ular tarixni titgani emas, ustozlarini ziyorat qilgani kelishadi. Sen ahmoq esa, ziyorat qilishga boʻyning yor bermagani uchun kichik ilmiy xodim maoshi bilan pensiyaga chiqasan. Oʻlganingda miyangni ochib qarashsa, gʻij-gʻij aqlni koʻrishadi. Akademik boʻlsa kerak, deb oʻylashadi. Sen esa kichik ilmiy xodimsan. Afsuski, aqlni tiriklikda ham, oʻlgandan keyin ham koʻrib boʻlmaydi...»

Gulnora kirib, Anvarning xayoli boʻlindi. U shoshib kirib, shoshib salomlashib, sumkasidan bir nimani shoshib oldi-yu, shoshib chiqdi. «Ustoz kelgunga qadar, paytdan unumli foydalanib, sotadigan mataxini koʻrsatib olishi kerak», deb oʻyladi Anvar.

Anvarning moʻljalidagi yarim soat oʻtgach, dahlizdagi harakatlar tindi-yu, eshik ochilib, kadrlar boʻlimining mudirasi koʻrindi. Anvar uni koʻrgani hamon, qiziq hangomani kelgan joyidan davom ettirayotganday gap boshladi:
— Siz ishonmaysizu Sobirjon, boʻlgan voqea emish, — dedi «eng kichik ilmiy xodim»ga qarab, — qassoblar doʻmboq xotinlarni oʻgʻirlab, soʻyib sotishayotgan emish. Mana, kecha kechasi bir erkak zaharlanib oʻlibdi. Bozordan olgan goʻshtdan zaharlanibdi. Tekshirib qarashsa, oʻz xotinining goʻshti ekan. Qarang-a, ba’zi xotinlarning, — Anvar shu soʻzlarni chertib-chertib aytdi, — goʻshti zaharli boʻlarkan, a?
— Siz mening orqamdan yuring, — dedi mudira jerkib.
— Qayoqqa? Jinnixonagami? — dedi Anvar oʻrnidan turib.
— Ochiq goʻrga, undan ham nariga, — dedi mudira jahl bilan.
— Ochiq goʻrdan nariga boʻlsa, demak, direktor chaqirayotgandir...

Anvar yanglishmagan edi. Mudira uni kuzatib kirib «Yana xizmat bormi?» deganday boshqonga qaradi. Oʻlmas Akrom «ishingizga boravering» degach, burilib chiqdi.

Anvar bir narsada — bu suhbatda Xolidiy ham ishtirok etar, deb yanglishgan edi. Oʻlmas Akromning yolgʻizligini koʻrib, koʻziga tikilganicha jilmaydi.
— Bugun xursandga oʻxshaysanmi? — dedi Oʻlmas Akrom.
— Jinnilar shunaqa boʻlishadi. Bekordan-bekorga kulaverishadi.
— Jinniligingni boshqa yerda qil. Haligi oʻqituvchini sen boshlab keldingmi?
— Qaysi oʻqituvchi?
— Oʻzingni goʻllikka solma.
— Ha, ertalab bir kishi turgan ekan. Ikki soat poylabdi, bechora. Ustozning kitoblarini oʻqigan ekan, ziyorat qilgani kelibdi. Har holda qora xalq-da. Xalq oʻz otasini koʻrgisi kelsa, aybmi? Shu yerda poylang, deb boshlab keldim. Notoʻgʻri qilibman-mi?
— Anvar, seni boshqalar bilmasa ham men yaxshi bilaman. Nimalarga qodir ekaningni ham bilaman. Yuragingda nimalar yashiringani ham menga ma’lum. Maynavozchilikni yigʻishtir. Ustoz bilan olishma. Oʻzingni oʻyla. Oldinlari sen aytmoqchi boʻlgan gaplarga yoʻl yoʻq edi. Endi hamma darvozalar ochildi. Istagancha gapir, istagancha oʻrgan, istaganingcha ilm qil. Fursatdan foydalanib qolsang-chi?!
— Chiroyli gapiryapsan. Istagancha ilm qilish mumkin, toʻgʻri. Lekin sen istagan ilm jamiyatga keraksiz boʻlsa-chi?
— Maydalashma!
— Xoʻp, maydalashmayman. Unda sen menga bir masalani yechib ber: qadim-qadimda ajdodlarimiz odam goʻshtini oddiy taom sifatida yeyishgan. U damlarda yovvoyi boʻlishgan, nodon boʻlishgan. Ular qorin toʻydirish uchun bir-birlarini avval oʻldirib, soʻng goʻshtlarini yeganlar, toʻgʻrimi? Xoʻsh, endi-chi? Bir-birlarining goʻshtlarini tirik holda yemaydilarmi? Tirik holda yeb bitiradilar. Alhazar!
— Hamisha shunday boʻlib kelgan. Buni oʻzing yaxshi bilasan. Falsafa soʻqimay qoʻyaqol. Men senga doʻst sifatida aytyapman bu gaplarni.

Anvar unga tikilib qaradi: «Astoydil gapiryaptimi yo til uchida gapirib avramoqchimi? Yo ustozining topshirigʻini bajaryaptimi?» Shu nafasning oʻzida gʻoyibdan bir ovozni eshitganday boʻldi: «Nima uchun hammadan xavfsirayverasan? Nima uchun odamlarning xolisona yaxshilik qilishlariga ishonmaysan?» Oʻlmas Akromga nisbatan koʻngli yumshay boshlagan mahalda boshqa bir ovoz guldirab keldi: «Ishonma, aytayotgan erkinligiga ham ishonma. Mehribonligiga ham ishonma. Jonu dili amal, shuhrat boʻlgan odamdan yaxshilik kutma!..»

Shu ovoz kuchlilik qilib, yumshay boshlagan dilni yana toshga aylantirdi.
— Ishonmayman, — dedi u beixtiyor.
— Nimaga ishonmaysan?
— Gaplaringga. Masalan, erkin ravishda ilm bilan shugʻullanishimizga. Tizgin Maskovda ekan, erkinlik haqida gapirmay qoʻyaqol.
— Gapni siyosatga burma.
— Ana, koʻrdingmi, darrov qoʻrqasan. Bizda ilm bilan shugʻullanish erkinligi yoʻq. Bizda amalparastlik erkinligi, dunyoparastlik erkinligi, haqiqat koʻziga choʻp tiqish erkinligi, laganbardorlik erkinligi bor. Bulardan ustozing toʻla foydalanib, maza qilib yashadi. Endi sen shunday yashaysan. Soʻng sening shogirding. Shunday ketaveradi zanjir reaktsiyasi boʻlib. Senga bir hikmatli gap aytaymi?
— Boʻldi qil, boshimni gʻovlatib yubording. Sen bilan gaplashgan odam baraka topmaydigan boʻlib qolibdi. Sen ilmda orqada qolib ketayotganing uchun boshqalardan gina qilma. Ayb oʻzingda, butun kuchingni jagʻlaringga beribsan. — Oʻlmas Akrom stoli ustidagi bir varaq qogʻozni olib, unga uzatdi. — Xavfsizlik qoʻmitasi arxividan foydalanmoqchi edingmi? Ruxsat berishdi. Mana bu odamga telefon qilib, istagan paytingda borishing mumkin.

Anvar qogʻozni olib bukladi-da, e’tiborsiz narsaday choʻntagiga soldi.
— Ketaveraymi?
— Ha.
— Gapim ichimda qolmasin, haligi hikmatni aytay: bu jinnilarning gapi emas: «Sahli Su’lukiy debturki, man tasaddara qabla avonihi fa qad tasaddo li havonihi». Angladingmi?
— Tushundim, bor ketaver.
— Yoʻq, tushunmading. Tushunganingda sapchib ketarding. Meni tezroq chiqarib yuborish uchun shunday deyapsan. Bu hikmatning ma’nosi shuki, kimda-kim vaqtidan oldin boshliq boʻlsa, oʻzining xorligiga mutasaddi boʻladi. Yana ham sodda aytilsa, layoqatsiz odam boshliq boʻlib olsa, odamlar koʻzi oldida oʻzini- oʻzi xorlagan boʻladi.
— Yoʻqol, ahmoq!
— Ana, aytdim-ku, tushunganing endi ayon boʻldi, — Anvar unga bir jilmayish hadya etib, xonadan chiqdi.

U jinnixonada oʻtgan har bir kuni uchun bulardan shu zaylda oʻch olaman, deb oʻylardi. U oʻz nazarida hujumga oʻtgan, bular esa himoyada edilar. Bular Asadbek nomini eshitiboq gangib qoldilar, deb oʻylardi. Uning koʻp narsalarga yetadigan aqli Xolidiyni gangitish mumkin emasligiga yetmas edi. Xolidiy ajablanishi mumkindir, ammo gangimaydigan toifadan edi. Anvar jinnixonada nur bilan gaplashganida eshitganlarini unutayozgan edi: «Sen uning kelajakni koʻra bilish xususiyati borligini bilmaysan. Unga ertaga nima boʻlishi ma’lum». Anvar Oʻlmas Akromning jigʻiga tegayotganida Xolidiy uni koʻzdan yoʻqotish choralarini izlayotgan edi.

3

Anvar peshinga qadar xush kayfiyatda yurib, tushlikdan soʻng arxivga borish uchun ruxsat soʻrab ketdi. Oʻlmas Akrom aldamagan edi, chindan ham arxivda istagan hujjatni beradigan boʻlishdi. U buvasiga oid ma’lumotni koʻrish istagini bildirgan edi, ikki kun ichida topib qoʻyadigan boʻlishdi. Ishga qaytishni ixtiyor qilmay, Elchinni koʻrgisi kelib, uning uyiga yoʻl oldi. Oʻtgan kuni ham uyida hech kim yoʻq edi. Bugun ham darvoza berk. U doʻstiga hazilnamo noma bitdi-da, naycha qilib oʻrab, kalit solinadigan tirqishga tiqib, uyiga joʻnadi.

Xotinining ishdan qaytishini kutmay, oʻzi oshga unnadi. Oqshom chogʻi uyga kirib kelgan Xonzoda erini oshxonada koʻrib «koʻz tegmasin-ey» deb kulimsiradi.
— Ertalabki jilmayishingning haqqini ado etyapman, — dedi Anvar.

Osh suzilayotgan damda Elchin kirib keldi.
— Qaynotasi suygan yigit osh suzilganda kirib kelarkan, — dedi Anvar unga peshvoz chiqib. Anvar uning gʻashiga tegish uchun atayin «qaynona» emas, «qaynota» degan edi. Elchin hozir qitmirlikni koʻtaradigan ahvolda emasdi. Shu sababli doʻstiga xoʻmrayib qaradi. Anvar ham hazili oʻrinsiz boʻlganini sezdi. Elchinning yonogʻidagi koʻk dogʻni koʻrib: «Ha, tinchlikmi?» dedi. «Oʻtin tegib ketdi», dedi Elchin toʻngʻillab. U Risolat kampir bilan soʻrashib chiqqach, mehmonxonaga oʻtishdi. Osh ikki laganga suzildi. Elchinning qorni och boʻlsa-da, tomogʻidan ovqat oʻtishi qiyin edi.
— Biz kundoshlarga oʻxshab qolibmiz. Mening kayfiyatim yaxshi boʻlsa, seniki chatoq. Seniki yaxshi boʻlsa, meniki chatoq. Nima gap, dilingni yorsang-chi?
— Oʻzi yoriladigan boʻlib turibman.
— Ichasanmi?
— Bormi?
— Topamiz. Lekin meni zoʻrlamaysan.
— Zoʻrlagan — oʻgʻri.

Anvar kitoblar orasiga yashirib qoʻygan shishani olib ochdi-da, piyolani lim-lim qilib toʻldirdi. Elchin bir koʻtarishda ichib, xoʻrsinib qoʻydi. «Dardi ogʻir, oshnamning», deb oʻyladi Anvar.
— Quy yana.
— Oshdan ye.
— Oldin quy, keyin yeyman.

Elchinni ezayotgan dard ikki piyola aroqning kuchi bilan tarqaydigan anoyi dardlardan emasdi. Elchin aroqni ichib boʻlganidan keyin ham osh yemadi, tund holda oʻtiraverdi. Anvar ham toqat qilib, uning gap boshlashini kutdi. Aroq deganlari dardni yengillatmasa ham odamni sayratadi. Nihoyat, Elchin tilga kirdi. U Anvarga emas, xuddi oʻziga-oʻzi gapirganday soʻzlardi:
— Mening suratim odam... Aslida men ilon boʻlishim kerak edi. Ularni boʻgʻib qiynashim lozim edi, qonlarini soʻrib lazzat topmoqchi edim. Men ularning koʻzlarini oʻymoqchi edim, tillarini sugʻurib, qoʻllarini sindirib, quloqlariga qoʻrgʻoshin quymoqchi edim. Umrimning mazmuni shu edi... Ilonman, desam... chuvalchang ekanman... men ularni boʻgʻib rohat qila olmadim...
— Yigʻla, toʻyib-toʻyib yigʻla, juda yarashar ekan, — dedi Anvar kesatib.
— Anvar, sen indamay oʻtirib quloq sol. Meni ahmoq qilishmoqchi. Jamshidning oʻlimini mening boʻynimga ilishmoqchiga oʻxshaydi.
— Jamshiding kim?
— Asadbekning sodiq qullaridan edi. Men uni oʻldirishim kerak edi.
— Sen? Nima uchun?
— Shuning uchunki... u... u... Haromi...
— Boʻldi, tushundim.
— Ha... tushunding... Uni oʻldirishibdi. Xuddi Shilimshiqqa oʻxshatib...
— Shilimshiq kim?
— Indamay oʻtir, dedim senga... Shilimshiqni men oʻldirgan edim. Qara-ya, uni qarmoqqa oʻzlari ilintirib, shunday tayyorgina qilib menga tortiq qilishuvdi. Nimaga shunday qilishganiga oʻshanda aqlim yetmabdi. Maqsadlari Jamshid ekan... Zaynab shu haromini yaxshi koʻrar ekan. Oʻzini osibdi-ya!..
— Oʻlibdimi?
— Yoʻ-oʻq... u oʻlsa hozir men bu yerda oʻtirmas edim. Oʻligim axlatxonada yotgan boʻlardi. Zaynab tirik ekan, men tirikman. Men uni... yaxshi koʻra boshlagan edim... Odam kepatasiga kira boshlagan edim... Balki u alam ustida yolgʻon gapirgandir, a? Lekin baribir dilni yaraladi. Bu yara tuzalmaydi.
— Agar qotillikni sening boʻyningga ilishmoqchi boʻlishsa, aytish kerak.
— Kimga?
— Kimga? — Anvar oʻylandi, birdan esiga Zohid tushdi. — Akamning bir shogirdi prokuror boʻlgan. Halol bola. Olib boraymi?
— Yoʻ-oʻq, aralashtirma uni. Men Asadbekdan qoʻrqmayman. Oxirigacha olishaman. Oʻlsam oʻlarman, oʻlishim aniq, ammo orqaga chekinish yoʻq. Quy yana.

Elchin piyola boʻshatib oʻrnidan turdi.
— Boʻsh kelish yoʻq, ogʻayni, sen gaplarimni unut. Dardimni senga toʻkdim, oʻrniga adovat urugʻini sepdim. Bu urugʻ hademay unib chiqadi, koʻrasan.

Elchin shunday deb bir oz gandiraklagan holda uydan chiqdi. Anvar kuzatib qoʻymoqchi edi, unamadi. Shu boʻyi yarim tungacha tentirab yurdi.

Anvar ertalab barvaqtroq yoʻlga chiqib prokuratura tomon ketdi.

V bob

1

Pivoxonadan chiqib mashinaga oʻtirishgach, Hamdam hamrohlariga saqich uzatdi:
— Pivoning hidini oladi. Har holda ishga borarsizlar, a?

Mashina oʻrnidan jilgach, Zohidga qarab dedi:
— Namozovning uyida yaqin orada boʻldingmi? Oʻsha koʻchadan oʻtib ketaylik.

Zohid uning maqsadini Sharif Namozov yashaydigan koʻchaga burilishganda angladi. Lola koʻchasida koʻkrak kerib turgan imoratlar qatorida bostirmaga oʻxshab gʻaribgina koʻrinuvchi uy oldi qurilish maydoniga aylangan edi. Yogʻochlari chiriy boshlagan eski darvoza endi temirdan boʻlibdi. Suvoqdan chiqqan boloxona esa savlat toʻkib turibdi. Peshtoqsiz uy tomi ochib tashlangan, oftobning oʻtli nafasiga qaramay, ustalar ishlashyapti. Mashina uy qarshisidan oʻtayotganida sekinladi, ammo Hamdamning buyrugʻi bilan toʻxtamadi. Darvoza oldida Nasiba qoʻshni ayol bilan suhbatlashib turar edi. Eri qamalib chiqqanidan beri, ayniqsa katta qurilish boshlanganidan beri atrofdagi har bir harakatga choʻchibroq qaraydigan boʻlib qolgan bu ayolning sekinlab oʻtayotgan «Volga»ni sezmasligi, Zohid bilan Hamdamni koʻrmasligi mumkin emasdi. Nasiba ularni koʻrdi, tanidi. Gapirayotgan gapidan adashdi, rangi oʻzgardi. Qoʻshni ayol buni sezdi. «Nimani koʻrib bunchalik oʻzgardi?» degan muammo bilan orqasiga oʻgirildi.

Hamdamning rejasida Nasibaga duch kelish koʻzda tutilmagan edi.
— Bizni koʻrgani yaxshi boʻldi, — dedi u. — Eri kelishi bilan aytadi. Namozovning tinchi buziladigan boʻldi.
— Bugun nechta arining uyasiga choʻp suqding oʻzi?— dedi Soliev kulib.
— Men manovi odil prokurorga haqiqat qanaqa boʻlishini koʻrsatib qoʻymoqchi edim. «Bu odam olim ekan», deb bino qoʻygan edi. Mana, olimning ahvoli. Olimda ham jigʻildon bor, jigarim. Senga maslahatim: buni ham tinch qoʻyma. Burchakka siqib olib boraver. Shunday sayrab beradiki... Asadbek qafasga tushib qolganini oʻzi ham bilmay qoladi.
— Sening ishing oson, — dedi Soliev. — Koʻrding, giribonidan boʻgʻding, qafasga tiqding.
— Hamdam aka qadim zamonda mirshab boʻlishlari kerak edi, — dedi Zohid, mayorni quvvatlab. — Oʻgʻrini ushlardilaru qoʻllarini kesardilar, tamom-vassalom.
— Qadim zamonda sen oʻylaganchalik boʻlmagan, — deb e’tiroz bildirdi mayor Soliev. — Jinoyatchini qozi soʻroq qilgan, guvohlarni eshitgan. Gunoh aniq isbotlanganidan keyin jazo bergan. Kattagina podsholik zindoniga nari borsa oʻttiz-qirq odam sigʻadi. Temur zamonasida oʻgʻirlik degan narsa unutilgan ekan. Bir bola boshiga bir tovoq oltin qoʻyib mamlakatning kunchiqar chegarasidan piyoda yurib kunbotardagi chegarasiga yetguncha yigit yoshiga yetarkanu ammo tovoqdagi oltinga birov tegmas ekan. Bundan xulosa shuki, qadim zamonda hukm qat’iy boʻlgan. Odamlar gunohlari uchun qanday jazo olishlarini bilganlar, bilganlari uchun qoʻrqib, oʻzlarini tiyganlar. Oʻgʻirlik qildimi, gunohi isbotlandimi, tamom, qoʻli kesiladi. Boshqacha jazo boʻlishi mumkin emas. «Bu oʻgʻri bekning amma-xolasiga jigar ekan, jazoni yengillashtiring, iltimos, qoʻliga igna sanchib qoʻya qoling» deyilmagan. Yaqinda bir yigitcha «oʻtmishda temir qoshiq boʻlmagan, shavlani qanday yeyishgan, a» deydi. Senlarning gaplaring ham oʻsha bolanikidan qolishmaydi. Nazarlaringda odil sud oʻn yettinchi yildan keyin paydo boʻlgan, a?
— Endi biz bilganimizni gapiramiz, aka, — dedi Hamdam. — Lekin qadim zamonda faqat adolat boʻlgan, degan gapingizga qoʻshilmayman. Gunohni isbotlash uchun ikkita guvoh kerakmidi? Oʻsha zamonda ikkita ahmoq, ikkita gʻalamis, ikkita igʻvogar topilmagan, deysizmi? Minglab kallalar oʻsha gʻalamislarning guvohligi bilan uzilgandir? Zindonda kam odam boʻlishiga boshqa sabab bordir. Podsholar jinoyatchilarni qayta tarbiyalash bilan shugʻullanishmagandir. Jinoyat qanday jazoga loyiq? Oʻlimgami? Kesilsin, osilsin, chopilsin, tamom! «Besh yildan oʻn yilgacha axloq tuzatish koloniyasiga yuborilsin» degan gap boʻlmagan, deyman, a? Ular toʻgʻri qilishgan. Mana, Asadbekni yuz yil axloq tuzatish koloniyasida saqlang, foyda boʻlarmikin?
— Adashganlar-chi? — dedi Zohid, uning gapini boʻlib.
— Adashganlarmi? — Hamdam bir oz oʻylandi. — Agar chindan ham adashgan boʻlsa, kechirish kerak. Agar adashgan odam qamalsa, oʻndan biri tuzaladi, bir qismi alamzada boʻladi, bir qismi qamoqdagi «jinoyat malaka oshirish kursida» ta’lim olib chiqadi. Lekin kim adashdi, kim astoydil tavba qildi, bilib boʻlmaydi-da. Sen rahm qilgan odamni bittasi shu Namozovmi? Endi u tamom boʻlgan olim. Halqumini harom qildimi, endi nafsini oʻlsa ham tiymaydi.

Mashina depara ichki ishlar boʻlimi qarshisida toʻxtab, Hamdam tushib qoldi. Koʻp oʻtmay mayor Soliev mashinani toʻxtatdi. «Hamdam bilan qiladigan ishim bor», deb u ham tushdi.

2

Zohid Chuvrindi bilan uchrashuvga tayyorlanish uchun atayin barvaqtroq kelayotgan edi. U Mahmud Ehsonovni Elchinning toʻyida koʻrgan edi. U haqda juda oz narsa bilardi. Bilganlarining qay biri haqiqat, qay biri mish-mish, hali farqiga bormagan edi. Dastlabki uchrashuv chigalni yechishdagi dastlabki urinish boʻlmogʻi mumkin. Zohid shu sohaga kirganidan beri koʻp odamni soʻroq qildi. Lekin bugungisining boshqacharoq boʻlishini koʻngli sezardi. Har holda laqabi «Chuvrindi» boʻlgani bilan kissavur yoki yoʻltoʻsar emas, hatto, bu olam iborasi bilan aytilganda, «torpedo» — bir-ikki puldorni himoya qiladigan zoʻrlardan ham emas. Asadbeklar haqida soʻz ketguday boʻlsa, mayor Solievning unga hamisha yuqori baho berishi bejiz emasdir.

«Tarozi pallasini u tomon bosib turibdi, — deb oʻyladi Zohid. — Men ular haqida oz narsa bilaman, ular esa meni besh qoʻlday yaxshi bilishadi. Hatto akamning qotillarigacha bilishadi. Men ularni jinoyatchi deb gumon qilyapman. Menga tegishli tarozi pallasida faqat gumon bor. Gumon pufakka oʻxshaydi. Shishib, bahaybat tus olaverishi mumkin, ammo tosh bosmaydi. Aksincha, vaqti kelib yorilsa, odamni sharmanda qiladi».

Zohid shu xayollar bilan idorasiga yaqinlashib, Anvarni koʻrdi-yu, ajablandi. Hatto «biron kori hol boʻldimikin?» deb xavotirlandi.
— Habib aka tinchmilar? — deb soʻradi salom-alikdan soʻng.
— Habib akangizning ishlari besh. Maskovdan nari Londonga joʻnab qolibdilar. Xalqaro akademiyaga a’zo boʻladilar, degan xabar eshitdik.

Zohid Anvarni ichkari boshlamoqchi boʻldi. Anvar ishga shoshayotganini bahona qilib, unamadi.
— Kecha bir gap eshitib, shuni aytgani kelgan edim, — dedi u, soatiga qarab olib. — Tunov kuni bir odamni osib oʻldirib, yoqib yuborishgan ekan, eshitgandirsizlar?
— Eshitdik, — dedi kulimsirab Zohid.
— Ha-ya, — dedi Anvar ham kulimsirab, — sizlar eshitmagan, bilmagan gap boʻlmaydi-ku. Xullas, oʻsha yigit Asadbekning odami emishmi?
— Shunaqa mish-mish bor.
— Aniq gap emasmi, hali?
— Isbotlanmagan gap biz uchun mish-mish.
— Xoʻp, mish-mish boʻlsa boʻla qolsin. Mening bir jonajon doʻstim bor, Elchin, eshitganmisiz? Oʻsha Asadbekning kuyovi boʻlgan. Oʻn yil oʻtirib keldi.
— Eshitganman.
— Lekin begunoh qamalganini bilmaysiz. Xotinini oʻldirmagan edi.
— Tuhmat bilan ketganmidi?
— Balki tuhmatmasdir. Aybni boʻyniga olgan, u oʻjar. Nimaga shunday qilganini men ham tushunmayman.
— Boʻyniga olgan boʻlsa... balki jahl ustida yoki kayfda...
— Yoʻ-oʻq, unaqa bolamas u. Odam oʻldirolmaydi. Odam oʻldirish oson ekanmi?
— Qiyinmi?

Anvar «kalaka qilyaptimi yo jiddiy soʻrayaptimi?» deb oʻylab Zohidga qaradi. Zohidning koʻzlarida quvlik nishonasi yoʻq edi. Shu sababli savolga javob berolmay oʻylashga majbur boʻldi.
— Bilmadim, — dedi nihoyat. — Har holda qiyin boʻlsa kerak. Odam qoʻy emas, pichoqqa boʻynini tutib beradigan... Gapning qisqasi, Asadbek kuyovidan gumonda ekan.
— Qanaqa gumon?
— Tushunmadingizmi? Mening oʻsha oʻldirilgan odamimda qasding bormidi, deganday qilibdi.
— Nima uchun gumonsiraydi?
— Hayronman... bilishimcha, Noilaning oʻlimida uning ham hissasi boʻlgandir-da.
— Buni doʻstingiz aytdimi?
— Yoʻq, bu oʻzimning gumonim, — Anvar shunday deb Zohidning jiddiy tikilib turgan koʻziga qarab, kulimsiradi.
— Nimaga kulyapsiz? — dedi Zohid ajablanib.
— Yaxshi ham xonangizga kirmaganim. Tikka turib olib shunchalik soʻroqqa tutyapsiz, ichkarida kechgacha tergov qilarkansiz-da, a?
— Ishimiz shunaqa-da, xafa boʻlmang.
— Hazillashdim. Bu yerga kelishimdan maqsad — oʻsha oʻlim bilan shugʻullanadigan odamni tanisangiz tayinlab qoʻysangiz, Elchindan gumon qilib yurmasin, igʻvolarga uchmasin. Asadbekdan har baloni kutish mumkin-da. Koʻr hassasini bir marta yoʻqotar ekan, koʻzi ochiqlar ikki marta yoʻqotmasin, tagʻin.
— Yaxshi, aytib qoʻyaman. Lekin... oʻrtogʻingizni soʻroqqa chaqirishga toʻgʻri keladi-da.
— Nima uchun?
— Haqiqatni oydinlashtirish uchun. Uni gumondan xalos etish uchun.
— U odam oʻldirilganida Elchin Fargʻonada edi. Kecha keldi. Men oʻzim ikki marta uyiga bordim. Darvozasi berk edi.
— Siz xavotir olmang, begunoh odamni gumonga qurbon qildirib qoʻymasmiz.

Anvar xayrlashib, iziga qaytar chogʻida Zohidning savollarini bir-bir eslab, «ogʻaynimga yordam beraman, deb ishini chalkashtirib yubordim shekilli», deb kelganiga pushaymon yedi.

Zohid uchun esa bu kutilmagan uchrashuv, kutilmagan gaplar kalavani yana chigallashtirdi. «Hamonki Asadbek kuyovidan gumonsirabdimi, bunda bir gap bor, — deb oʻyladi u. — Ajab... nima uchun aynan Jamshidni oʻldirdi, deb gumon qilyapti? U holda Jalol Komilovni kim oʻldirgan? Kuyovidan gumonsiradimi, demak... guruhlar urushi emas bu. Unda Maqsud akaning fikrlari toʻgʻri boʻlib chiqadi. Guruhlar hali olishuv uchun pishib yetilmagan, olishuvning boshlanishiga asos yoʻq hali. Xoʻsh, unda kim? Balki biron-bir guruh Elchinni oʻziga ogʻdirib olishga harakat qilgandir. Asadbekning gumoni shundadir?...»

Zohidning xayoli Chuvrindi kelguniga qadar shu muammolar bilan band boʻldi. Mahmud Ehsonov ayni aytilgan vaqtda, bir daqiqa nari-beri qilmagan holda keldi. U bilan birga xonaga yoqimli atir hidi ham kirdi. Chuvrindi kun issiq boʻlishiga qaramay, oq-pushtiga moyil kostyum kiygan, qizil galstuk bogʻlab olgan edi. Sochlarini silliq taragan, oʻng qoʻlining koʻrsatkich barmogʻiga tilla uzuk taqqan odamni birov «Chuvrindi» deb chaqirsa, kulgili holat yuz berardi.

Chuvrindi bashang kiyingani bilan harakatida, qarashlarida, hol-ahvol soʻrashayotganidagi ovozida kibr sezilmadi. Uning bu qadar madaniyatli boʻla olishini Zohid hatto oʻylab ham koʻrmagan edi.

Ularning orasida — urinibroq qolgan yozuv stoli. Aslida, hayotning qitmirliklari oldida ojiz qolishmaganida ilm bobida bahs yuritishi mumkin boʻlgan ikki odam prokuratura mahkamasida yuzma-yuz oʻtirar edi. Yuzasi issiq choynak izlaridan dogʻlangan bu stol juda koʻp odamni koʻrgan, ammo ilm koʻchasidan nari ketishga majbur boʻlganlarning uchrashuviga endi guvoh boʻlgandir. Ularning taqdirlarida yuzma-yuz kelish bor ekan. Ma’lum bir nuqtada ilm koʻchasidan burilmaganlarida edi, ayni fursatda qaysi bir ilmiy kengashda davrning muhim ilmiy muammosi boʻyicha bahs yuritgan boʻlarmi edilar. Zohid yarim yoʻlda boshqa koʻchaga burildi. Chuvrindi hali ilm koʻchasiga yaqin ham kelmagan edi. Katta shaharga oʻqirman, degan umidda keldi-yu, boshqacha «oʻqish»ga kirib qoldi. Bu «oʻqish»ni a’lo darajada ado etgani uchun «muallim»lari uni oʻz yonlarida olib qoldilar. Uning ziyrak aqli qachondir shu mahkamada soʻroqlarga javob berajagini bilardi. Shu sababli ostona hatlayotganida guvoh sifatida chaqirilganiga shukr qilib qoʻydi.
— Yolgʻon guvohlik berish qonun boʻyicha jazolanajagini eslatib qoʻymoqchiman, — deb gap boshladi Zohid, rasmiy ohangda.

«Baland dorga osilmoqchiga oʻxshaydi-ku», deb oʻyladi Chuvrindi. U Zohidga bir oz tikilib turdi-da, kulimsiradi.
— Yolgʻondan Xudoning oʻzi asrasin. Yolgʻon guvohlik berish uchun atay kelgan ahmoqqa oʻxshaymanmi?
— Bu yerga faqat ahmoqlar keladi deb oʻylaysizmi?

Savolga savol bilan berilgan javob Chuvrindini ziyrak torttirdi. Garchi u ayni damda kibrdan uzoq boʻlsa-da, Zohidni mensimay turgan edi.
— Aytdim-qoʻydim-da, — dedi u, hazil ohangiga koʻchib.
— Rasmiyatchiligimiz shunaqa, uzr, — dedi Zohid, gap ohangida bir pogʻona pastga tushib. Soʻng qogʻoz-qalam olib, rasmiyatchiligini davom ettirdi. — Ismi sharifingiz, tugʻilgan yilingiz...

Chuvrindi aytib turdi, u yozdi. Rasmiyatchilik tugagach, asosiy maqsadga koʻchildi:
— Jamshid Sunnatullaev kimingiz boʻladi?
— Tanishimning oʻgʻli.
— Nima uchun siznikidan chiqarildi?

Chuvrindi «Bilmaysizmi? Ajab... Men esam Jamshidning uyiga borganingizdan xabardorman. Men bilan mushuk-sichqon oʻynamang», deganday qarab turdi.
— Otasi ana ketaman, mana ketaman, deb yotibdi. Bilmay qoʻya qolsin, dedim. Shum xabarni eshitsa, ajalidan oldinroq oʻlardi, shunday emasmi?
— Balki... Otasi bilan yaqin doʻst edingizmi?
— Yaqin desam ham boʻladi. Ammo doʻst emas edik. U kishining yoshlari ulugʻroq. Men kooperativ ochayotganimda yordam berganlar. Limonad tsexini birga ochganmiz, desam ham boʻladi. Vinzavodda qoʻli gul ustalardan boʻlgan ekanlar.

Bu gapni eshitgan Zohid yozishdan toʻxtab, oʻylanib qoldi. «Vinzavod? Qoʻli gul ekanmi?»
— Sexni qachon ochgansiz?
— Ikki-uch yil boʻldi. Hammasi qonuniy ravishda boʻlgan.

«Oʻgay onasi qamoqdan chiqarishga ham yordam bergan devdi. Qamoqdan chiqqaniga oʻn ikki yildan oshgan-ku?»
— Jamshidning otasi bilan ham oʻsha kezlari tanishganmisiz?
— Shunaqa shekilli, aniq esimda yoʻq.
— Xotirangiz... yaxshi emasmi?
— Xotiramdan nolimayman, ammo kim bilan qachon tanishganimni aniq eslab qolishim lozim, deb oʻylamagan ekanman. Bugundan boshlab shu xatoni tuzataman. Bugun — uchinchi iyun, bir ming toʻqqiz yuz sakson toʻqqizinchi yil. Shanba. Soat, — u shunday deb, bilagidagi tilla soatga qarab oldi. — Soat oʻndan oʻn besh daqiqa oʻtdi. Prokuror Zohid Sharipov bilan tanishish baxtiga muyassar boʻldim.

Zohid istehzo bilan jilmayib qoʻydi.
— Sizga yarashmas ekan.
— Nima yarashmas ekan?
— Maynavozchilik. Undan tashqari, xotirangizga oʻzgartish kiriting, Zohid Sharipov prokuror emas, prokuratura tergovchisi.
— Yaxshi, kompyuterga yozib qoʻyildi, — Chuvrindi shunday deb koʻrsatkich barmogʻini chakkasiga tiradi.
— Jamshidni oxirgi marta qachon koʻrgan edingiz?
— Oʻlimidan bir kun oldin.
— Yoqilgan murdaning Sunnatullaev ekaniga aniq ishonasizmi?
— Boshqa odam deb oʻylaysizmi?
— Men hozircha hech nima deb oʻylamayman. Murda Sunnatullaevniki ekanini qaerdan bildingiz?
— Mashinasi turibdi-ku?
— Sizga kim xabar berdi?
— Bilmadim, uyga kimdir telefon qilibdi.
— Notanish odamning xabariga ishondingizmi?
— Mashinasi turibdi-ku?
— Murdaning aftini tanib boʻlmasdi. Jamshidning alohida belgilari bormidi?
— Qanaqa alohida belgilari?
— Masalan... bir oyogʻi kalta emasmidi?
— Choʻloq, demoqchimisiz? Yoʻq, soppa-sogʻ edi... — Chuvrindi shunday javob berdi-yu, «nima balo, choʻloq murdani topishgan ekanmi?» deb ichidan zil ketdi.
— Demak, uni bir kun oldin koʻrgansiz.
— Ha, bir kun oldin ishda edi.
— Qaerda ishlardi, maktabdami?
— Maktabda nima qiladi? Menda, limonad tsexida ishlardi.
— Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, maktabda duradgor ekan?
— Bilmadim. Balki menga kelgunicha ishlagandir. — Chuvrindi shunday dedi-yu, ichida Kesakpolvonni soʻkdi: hamisha ishni chala qiladi.
— Sunnatullaev uylanganmidi?
— Yoʻq, ayollarga toqati yoʻq edi. Nima uchun qamalganini bilsangiz kerak. Menga bir yorilib, «tuhmatga qolganman» devdi. Ayollarga ishonmay qoʻygandi.
— Otasi ogʻir yotibdi, deysiz. Tuzalib ketsa-chi? Sizdan xafa boʻlmaydimi?
— Avval tuzalsin-chi? U tuzalishi mumkindir, ammo oʻgʻli tirilmaydi-ku? Yo tiriltirish qoʻlingizdan keladimi?
— Kelmaydi, ayniqsa yoqib yuborilgan murdani tiriltira olmaymiz. Jamshidda kimning xusumati boʻlishi mumkin?
— Bilmayman, moʻmin bola edi. Birov bilan janjallashganini koʻrmaganman.
— Qiziq... Murda yoqib yuborilgan... — Zohid «murdaning buyragi olingan» demoqchi boʻldi-yu, «hozir vaqti emas» degan qarorga kelib, oʻzini tutdi. Ikkilanganini bildirmaslik uchun gapini bir maromda davom etdi: — Mashinaga esa tegilmagan. Bu sizga gʻalati tuyulmayaptimi? Qotil nima uchun hech narsaga tegmadi ekan?
— Bu menga emas sizga gʻalati tuyulishi kerak. Siz mendan limonad nima uchun bemaza, deb soʻrang, nima kam solinganini aniqlab, aytib beray.
— Balki bu ajablanarli holni oʻylab koʻrgandirsiz, debman. Unda boshqa savolga javob bering: nima uchun murdani oʻlikxonadan beruxsat oldinglar?
— Oʻlikni olishga ham ruxsat kerakmi? Bordik, soʻradik, berishdi, koʻmdik. Oʻlik «qachon meni koʻmisharkin, qachon ruxsat berisharkin», deb maxtal boʻlib yotmaydi-ku? Murda qochib ham ketgani yoʻq, aniq bir joyda yotibdi, kerak boʻlsa kavlab olaverasizlar, shunaqa odatlaring ham bor shekilli?
— Bu gapingiz ham toʻgʻri. Mana, oʻqib koʻrib, imzo cheking, — dedi Zohid qogʻozni uzatib, — agar lozim boʻlib qolsa yana bezovta qilamiz. Xizmatchilik, qotilni topmagunimizcha tinchiy olmaymiz.
— Qotilni topishga ishonasizmi? — dedi Chuvrindi qogʻozga imzo cheka turib.
— Yuz foiz ishonaman, — dedi Zohid qat’iy tarzda. Bu gapdan Chuvrindi miyigʻida kulimsiragan boʻlsa-da, Zohidning tik qarashiga bas kelolmay koʻzlarini olib qochdi.
— Omadingizni bersin, — deb xonadan chiqmoqchi boʻlganida Zohid toʻxtatdi:
— Ha, aytmoqchi, eksgumatsiya lozim boʻlsa, sizni yana bezovta qilamiz.
— Tushunmadim?
— Eksgumatsiya... Oʻzingiz aytdingiz-ku, murdani goʻrdan kavlab olish-da. Otasi yotgan boʻlsa, yaqin kishisi sifatida siz qatnashishingiz kerak.

Chuvrindi «chaqirsangiz qatnasharmiz» deb xonadan chiqdi.

VI bob

1

Roviylar derlar: dunyoda sevintiruvchi biron narsa yoʻqki, ketidan xafa qilguvchi bir narsa kelmasa.

Togʻ qishlogʻining etagidagi gʻaribgina uyda gʻaribgina kun koʻruvchi er-xotindangina iborat bu kichik oila boshiga tushgan tashvishlar hech kimning boshiga tushmasin. Ularning dardlarini bayon etmoqqa qalam ojiz. Bu dardlarni faqat tirnoqqa zor odamlargina his qila olishar. Yoʻq, bu er-xotinni Yaratgan farzanddan qismadi. Nikohlaridan bir yil oʻtar-oʻtmas oʻgʻil koʻrdilar. Gʻarib kulbalari sevinchga toʻldi. Soʻng... sevinch ketidan gʻam kirib keldi. Bu hol oz emas, yana olti karra takrorlandi. Bolalari dam yoshga yetmay, dam endi tili chiqib shirin boʻlgan mahalda ularni dogʻda qoldirib ketaverishdi. Oxir-oqibat homila nishona bergan damdan boshlab ham umid, ham qoʻrqinch bilan kutadigan boʻlishdi. Toʻrtinchi farzandni yerga qoʻygach, irim qilib bir-birlarini «Turdi» deb chaqira boshlashdi. Yettinchisida Xudo marhamat qildi. Bir yil emas, roppa-rosa yigirma yil umr berdi. Kelin tushirdilar. Ular nabira koʻrmoq umidida baxtiyorlik ichra choʻmib yashay boshladilar. Yettinchi oʻgʻilning umri ham omonat ekanini ular qaerdan bilishsin! Dunyo abadiy istiqomat joyi emas, balki oʻtkinchi oʻlaroq qoluvchi bir kulba ekanini hamma ham vaqtida bilavermaydi. Yozda oʻgʻil xashak oʻrimiga ketdi-yu, izsiz yoʻqoldi. Oʻgʻilning na tirigi topildi, na oʻligi. Kelin uylarida uzoq yashab qolmadi. Uyiga ketdi. Erining qaytishiga yoki topilishiga umid qilmadi. Kampir «kelinim sabr qilmagani uchun ham oʻgʻlim topilmadi», deb to soʻnggi nafasigacha uni aybladi. Uning nazarida kelin sabr bilan kutsa edi, Ollohga yigʻlab munojotlar qilsa edi, u qaytib kelardi.

Avval qishning sovuq nafasi sezildi. Soʻng togʻlarning, uning etagidagi qishloqlarning aybini berkitmoqchi boʻlganday qor yogʻa boshladi. Birinchi qor ularning farzandlariday uzoq turmadi. Bir kunda erib ketdi. Ikkinchisi erinmay yogʻdi. Yurganda toʻpiqqacha botadigan boʻldi. Hali oltmishga bormagan, lekin koʻrinishi kamida yetmish yoshli chollarga oʻxshab qolgan oila boshligʻi oʻsha kuni tanchani ochib, ayvondagi joyini ichkari uyga koʻchirdi. Kelini ketib qolganidan beri ikki-uch kunda bir qozon osishardi. Bugun tanchaga choʻgʻ zarur boʻlgani sababli oʻchoqqa oʻt qalandi.

Ertalab, xoʻrozlar hali subh kirganidan darak bermay turib ularning qulogʻiga chaqaloq ovozi eshitilganday tuyuldi. Ikkovi ham shirin tush koʻrganday boʻldi. Ovoz tinmadi. Er koʻzini ochib, qaddini xiyol koʻtardi.
— Turdi, eshityapsanmi? — dedi. — Chaqaloqning ovozimi yo shamol uvillayaptimi?
— Shamol shunaqa uvillaganmi hech qachon? Qarang-chi, balki mushukdir?

Er oʻrnidan turib tashqariga chiqdi. Dam oʻtmay eshikni zarb bilan ochib, qoʻlida koʻrpachaga oʻralgan chaqaloq bilan ichkari kirdi.
— Turdi, tura qol, tezroq. Birov chaqaloq tashlab ketibdi.
— Voy oʻlayin, voy oʻlayin, chaqaloqni ham tashlab ketadimi?

Xotin qora chiroqni yoqdi. Er koʻrpachaga oʻralgan bolani tancha ustiga yotqizdi. Bigʻillab yigʻlayotgan chaqaloq birdan jimib qoldi.
— Nima qildingiz? — dedi xotin qoʻrqib. Chiroqni erining qoʻliga tutqazib, koʻrpachani ochdi. Chaqaloq munchoq kabi koʻzlarini moʻltillatib unga qaradi. Xotinning nazarida jilmayib qoʻyganday ham boʻldi.
— Voy oʻlayin, kimning bolasi ekan, a? Oʻn kunlik ham emasdir?
— Kimnikiligini qoʻyaver, bizga tashlab ketishibdimi, demak, Xudo shuni iroda qilibdi. Qara-chi, qizmikin yo oʻgʻilmikin?
— Avval pechkani yoqing. Men sizga kecha aytuvdim yoqing, deb. Tutunidan bezorman, deb oʻjarlik qildingiz.

Uy isidi, bolaning yoʻrgagi yechildi — oʻgʻil ekan.
— Turdi, hukumatga bildirib qoʻysammi? — dedi er.
— Hukumatga bildirsangiz nima, bildirmadingiz nima? Bildirib turib bervorarmidingiz. Xudo bizga nasib qildi, dedingiz-ku?

Kun yorishgach, er tashqariga chiqib qordagi izga koʻzi tushganida yuragi bir narsani sezganday jiz etdi.
— Bir odamning izi qolibdi, — dedi uyga qaytib kirib. — Turdi, bu bola begona emasga oʻxshaydi. Yuragim sezyapti, oʻzimizning nabira boʻlsa kerak-ov... Kelining yukli edi, bir marta xabar olmading.
— Unaqa demang, xabar olganman. Bir oy bor devdi. Bu emasdir?
— Men qudamnikiga borib kelay.
— Bolani sizlar tashlab keldilaringmi, deysizmi?
— Menda ham kalla bordir. Bunaqa demasman...

U uyiga boʻshashib qaytdi: kelini oʻn besh kun burun shaharga ketgan emish...

Bolaga Mahmud deb ism qoʻyishdi. Ikki uy naridagi hamsoyalarining kelini emizib turdi. Keyinroq echki sotib olishdi. Bola uch oyli boʻlganida kelin shahardan qaytganini eshitib, er yana qudasinikiga bordi. «Qizingiz yukli edi, nima boʻldi?» deb soʻrab, «bola oʻlik tugʻilibdi», degan javobni eshitdi. Eshitdi-yu, badaniga muz yugurib, taxta boʻlib qotib qoldi. Tili gapga kelmadi. Ollohning har narsaga koʻnikuvchi bu sodda bandasi «oʻlik tugʻilgan boʻlsa qaerga koʻmdinglar, nima uchun bizga xabar qilmadinglar, tirikmi, oʻlikmi, bolamizdan zurriyod edi, nima uchun shaharda tugʻdi, nimadan uyaldi, bola valadi zino emas edi-ku?..» degan savollarni bermadi. Qudasining gapini ogʻir yukday ortmoqlab, uyiga shumshayib kirib bordi. Bu shum xabar xotinining jonini sugʻurib olganday boʻldi. Yaxshi hamki, yigʻi degan narsa bor, shu yigʻi bilan jonini qaytardi. Soʻng qiyomat qoyimni boshlamoq qasdida qudasinikiga otlandi. Er ostonaga turib olib, unga yoʻl bermadi. Chaqaloqqa termulib oʻtirib, tunni bedor oʻtkazishdi.
— Turdi, ularning gapiga ishonma, yolgʻon aytishdi,— dedi er. — Mahmud — bolamizning bolasi, aslida ismini Yodgorbek deb qoʻysak boʻlarkan.
— Bir qarashdayoq koʻnglim sezgan, begona emas, oʻzimizning nabiramiz. Siz laqmasiz, ularning gapiga ishonib oʻtiribsiz.
— Ishonmadim, Turdi, hech ishonmadim. Mahmudjonning chap kuragida dogʻ bor, esingdami, bolamizda ham bor edi.
— Burni ham xuddi oʻzi.

Bola ulgʻaygani sayin uning yuzlarida, qiliqlarida, gaplarida, ovozida... otasiga oʻxshashlikni topaverishdi. Ayni chogʻda, kelinlarining, kelin-ku, yosh koʻp narsaga aqli yetmaydi, qudalarining bu qiliqlariga tushunishmadi. «Ostonaga tashlab ketmay, «bola eson-omon tugʻildi, endi oʻzingiz boqib olinglar, qizimizni bolasi bilan er olishi qiyin» desalar olam guliston edi-ku?..» deb oʻylab, oʻylariga yetisholmadi.

Kunlar, oylar, yillar oʻtaverdi. Bola ulgʻayaverdi. Ota-onasini soʻraydigan boʻldi. Ular oʻgʻillarining tirik ekaniga, qachondir qaytib kelishiga ishonishardi. Hatto kelinlariga insof kirishiga, uning ham qaytishiga, bolasini bagʻriga bosishiga ishonch bor edi. «Dadang bilan ayang uzoqqa ketishgan, yaqinda kelishadi», deb bolani aldashar edi. Bir kuni er «Mardonqul shaharda keliningni koʻribdi, suyuqoyoq boʻlib ketgan ekan, restoranda oʻz koʻzi bilan koʻribdi, endi bolamga «onang oʻlgan», deb qoʻya qolaylik», dedi. Fikr xotinga ham ma’qul boʻldi, ammo aytisholmadi.

Oʻn toʻrt yoshga qadam qoʻygan yili kuz seryogʻin kelib, paxtani terib olish ogʻirlashgani sababli quyiroq sinflarning oʻquvchilarini ham safarbar qilishdi. Ana shunda er-xotin xashak oʻrimiga ketib qaytmagan yolgʻiz oʻgʻillarini eslashdi. Koʻngillariga bezovtalik oraladi, soʻngroq bu bezovtalik yurakdagi gʻam toshi bilan bostirildi. Avvaliga Mahmudjonni yubormaymiz, deyishdi. «Paxta siyosati nozik masala, bormasa bolang qamaladi», deb qoʻrqitishgach, noiloj qolishdi. Bolani koʻz yoshi bilan kuzatishdi. Er ham yigʻladi, xotin ham yigʻladi — bolani soʻnggi marta koʻrayotganlarini koʻngillari sezdi. Diydor qiyomatga qoldi.

Bolalarni choʻldagi bir bostirmaga joylashtirishdi. Ota-onalari bagʻridan ilk daf’a uzoqlashgan bolalar sovuqda qunishib, bemaza ovqatdan koʻngillari aynib, tunlari bir-birlarining pinjiga kirib, tong ottirishardi. Terayotgan paxtalarining tayini boʻlmasa ham bunda yashashga majbur edilar. Chunki yuqoriga boruvchi ma’lumotlarda falon boʻlimda qirq sakkizta norasida bor deyilmaydi. Bil’aks, «falon boʻlimda qirq sakkiz azamat ob-havo injiqliklarini mardonavor yengib, fidokorona mehnat qilmoqda» deb yoziladi. Qor aralash yomgʻir tinishi bilan dalaga haydaluvchi bu «azamatlar» kuniga uch-toʻrt kilo emas, qogʻozda oltmish-etmish kilo terayotganlarini bilmas edilar. «Yegan ovqatlaringga loyiq termayapsanlar!» degan minnatdan tezroq qutulib, uyga tezroq qaytish ilinjida shu bostirma ostida yashardilar.

Oʻn sakkizinchi kuni Mahmud lanj holda turdi. Oʻng biqinida ogʻriq sezdi. Koʻngli aynib, qayt qildi. Nonushtada ishtahasi boʻlmadi. Isitmasi koʻtarildi. Sinf rahbariga ahvolini ma’lum qilgan edi, u: «Dalaga chiqsang, tuzalib ketasan, oʻgʻil bola chayir boʻlishi kerak», dedi. U chayir boʻlish uchun yana uch kun shu ahvolda yurdi. Biqinidagi ogʻriq kuchaydi. Ovqat yemayotgani uchun holdan toydi. Toʻrtinchi kuni saharda, hamma uxlab yotgan mahalda oʻrindan turdi-yu, katta koʻcha sari yurdi. Yomgʻir shivalab turgan edi: birpasda mushuk boladay ividi. Katta, ogʻir etigini sudrab biron mashina koʻrinib olib ketarmikin, degan ilinjda yuraverdi.

Nihoyat, mashina chirogʻi koʻrindi. Mashinaga qoʻl koʻtargani esida, chiroq nuridan koʻzlari qamashgani, boshi aylangani ham esida, qolgani yodida yoʻq.

Mashinadagilar bolani koʻrishgan, ammo toʻxtash niyatlari yoʻq edi. Haydovchi yonida oʻtirgan odam birdan baqirib yubordi:
— Toʻxta! Nima balo, turtib yubordingmi?!
— Yoʻgʻ-e, — dedi haydovchi tormozni bosib, — chetda turuvdi-ku?
— Yiqildi bola.

Ular tushib, behush yotgan Mahmudni mashinaga olishdi. Yoʻlni oʻzgartirib, kasalxona tomon yurishdi.

Mahmudning jigari shishib ketgan edi. Tabiblar avvaliga «tuzalishiga umid yoʻq», degan toʻxtamga kelishdi. Agar uyiga yaqin yerda boʻlganida shunday deb ota-onasini chaqirib berib yuborishardi. Mahmudning baxtiga uylari yuz chaqirimning nari-berisida edi. Buning ustiga u «paxtadan qochganim uchun qamab qoʻyishmasin», deb qoʻrqib, kimligini, qaerda yashashini notoʻgʻri aytgan edi.

Sinf rahbari Ehsonov uyiga qochib ketdi, deb xotirjam, buvasi, buvisi esa «bolam paxtada» deb oʻylashardi. Shu bois uni qidirish hech kimning xayoliga kelmas edi.

Bu orada, hech kutilmaganda, butun gʻam-alamlarni birga baham koʻrgan, bir-biriga suyanib yashayotgan er-xotin oldinma-keyin boqiy dunyoga rixlat qildilar. Ajablanarlisi shuki, kasal boʻlib yotmadilar. Avval Er ketdi. Tungi uyqusi abadiy uyquning debochasi ekanini bilmay ketdi. Kechqurun yotdi-yu, tongda uygʻonmadi. Erning yettisi kuni aytib yigʻlayotgan Xotinning nafasi qaytdi, behush yiqildi. Bir soatcha alahsirab yotib, joni uzildi. Hirqirab yotgan holida «bolam!» dedi-yu, tilini tishladi...

Xuddi oʻsha kuni Mahmudning sogʻaya boshlaganini bilib, tabiblar ajablanishdi. Davolayotgan tabibni tabriklashdi. «Buni dissertatsiya qilish kerak», deb maslahat berishdi.

Yaxshiki, maktab bolalarining baxtiga yil oʻttiz birinchi dekabrda yakunlanadi. Agar yil dekabrda emas, oʻttiz birinchi yanvarda oxirlasami, ular yana bir oy qor bosgan dalada shumtirab yurar edilar. Qoʻllari, yuzlari yorilgan bolalar oʻttizinchi dekabrda uylariga qaytdilar. Ana shundagina Mahmudning yoʻqolgani ma’lum boʻlib, qidir-qidir boshlandi.

Sinf rahbari topib kelganida Mahmud ancha sogʻaygan, oyoqqa turib qolgan edi. Sinf rahbari bu bevosh bolani urishdi, soʻkdi, gina qildi, oxiri buvisi bilan buvasidan ajrab qolganini ma’lum qilib, iziga qaytdi.

Sinf rahbari oʻquvchisining sogʻ-salomat ekanini bilib, koʻngli tinchidi. Shum xabarni aytib, oʻz yelkasidagi tashvish togʻini murgʻak vujudga, murgʻak yurakka agʻdarib ketdi. Ajdodlarimiz falakning aylanishiga qarab, oʻn ikki muchalni belgilab, har muchalga jonivorlar nomini berganlar. Deydilarki, kim qaysi muchalda tavallud topsa fe’li oʻsha jonivorga oʻxshab ketadi. Agar shu rost boʻlsa, yana bir — oʻn uchinchi muchal joriy etilib, befarosatlarni shunga jamlamoq va bu muchalga eshakning nomini bermoq durust boʻlarmi edi. Agar shunday qilinsa, sinf rahbari shubhasiz eshak yilida tugʻilgan boʻlar edi.

Shum xabarni eshitganidan soʻng Mahmud ikki kungacha oʻziga kelolmay yurdi. Uchinchi kuni shomdan soʻng oyoqlari uni beixtiyor kasalxona yaqinidagi temir yoʻl sari boshladi. Buvasi va buvisi qabrini, qishloqni, uyni ziyorat qilish degan tushuncha hali unda yoʻq edi. U faqat bir narsani — yolgʻiz qolganini his etardi. Yolgʻizlik chorasini shahardan izlamoqchi boʻlgan edi. Balki onamni toparman, balki otam ham shahardadir, degan umid uni kasalxonadan yetaklab chiqdi. Uning nazarida shahar — ma’murlik qasri edi. Barcha mehribon, saxovatli odamlar, donolar shaharga toʻplangan, deb hisoblardi.

Vagon ogʻasi «onasini izlab ketayotgan» kasalxona kiyimidagi bolaga rahm qilib, tushirib yubormadi. Aksincha, boʻlmasiga olib kirib, choy-non bilan siylagach, boladagi «hamma yaxshi odamlar shaharda» degan fikr qat’iylashdi. Ammo shohbekatda unga birov qaramadi, e’tibor ham bermadi. Nima qilishni, qaerga borishni bilmay, kun boʻyi shu bino ichida sanqib yurdi. Bir-ikki tashqariga chiqdi, kasalxonaning yupun kiyimida sovqotib, tez iziga qaytdi. Qorni ochdi. Kasalxonada qogʻozga oʻrab olgan ikki burda nonni yedi. Qorongʻi tushganida sillasi qurib, oʻrindiqqa choʻzildi.

Haydar (unda «Kesakpolvon» «unvoni»ga musharraf boʻlmagan edi) oʻsha kech «ov»da edi. Kasalxona kiyimida gʻujanak boʻlib yotgan bolaga avval e’tibor bermadi. Oʻlja qidirib bir oz aylangach, bolani turtib uygʻotayotgan militsionerga koʻzi tushdi. Bolani bu yerga daydib kelib qolganini darrov sezib, uni qutqarmoqchi boʻldi. Tez-tez yurib yaqinlashdi-da, qaddini koʻtarayotgan Mahmudni yelkasidan quchdi.
— Kalla pishdimi, bratishka, — dedi xuddi yaqin odamini suygandek, soʻng militsionerga qaradi: — Bu mening ukam, tobi yoʻq, shahardagi doʻxtirga koʻrsatgani olib kelganman.

Militsioner Haydarni tanirdi, shu bois uning gapiga «ishonib» nari ketdi.

Haydar bolaning yuziga qarab, keyin peshonasiga kaftini bosdi.
— Isitma bor-ku, qayoqdan qochib kelyapsan, chuvrindi uka, — dedi.

Mahmud aytdi.
— Yur, doʻxtirga olib boraman, — dedi Haydar.

«Shaharda yaxshi odamlar koʻp», deb oʻyladi Mahmud.

Haydarning yoshi katta boʻlgani bilan novcha, xipchinday qiltiriq Mahmud bilan boʻyi qariyb baravar edi. Mahmud boshi aylanib yurolmagani uchun uni opichib oldi. Uzun bolani opichib yurish tashqaridan qaragan odamga kulgili tuyular edi.

Shu-shu ularning taqdirlari bogʻlandi. Avval Asadbeknikida yashadi, soʻng, Asadbek uylangach, Haydar bilan birga turdi. Asadbek qimordan koʻra oʻgʻirlik durust, deb hisoblagani uchun Haydar bilan ishladi. Asadbek uni qimorga yaqin yoʻlatmadi.

Ishlar yurishib, bel baquvvatlashgach, uy-joy qildi, uylandi. Onasini ham topdi...

Aniqrogʻi, soʻrab-surishtirib, Haydar topdi. Bir kuni Asadbekka:
— Onasini topdim, ammo shalagʻi chiqib ketibdi, — dedi.
— Koʻrsatib qoʻy, umidvor boʻlib yurmasin, — dedi Asadbek.
— Koʻnglini choʻktirib nima qilamiz?
— Koʻrsin, hayotning qanaqaligini bilsin.

Haydar Asadbek amrini bajardi. Mahmud onasini sharmandali holda koʻrdi. Avvaliga ishonmadi. Haydarning dalillari ham kor kilmadi. Tugʻilib oʻsgan qishlogʻiga borib kelganidan soʻnggina ishondi.

Ishondi-yu, yana bir oʻlib tirildi. Kasalxonada bir oʻlib tirilgan edi, bu safar oʻldi-yu, boshqa odam boʻlib tirildi. Dunyo koʻzlariga jirkanch holda, sassiq balchiq holida koʻrinib, hamma narsadan nafratlana boshladi. Hatto yaqinlari boʻlib qolgan Haydar bilan Asadbekdan ham nafratlandi. Onasini bu holda koʻrsatgani uchun Haydarga nisbatan boʻlgan nafrati to hanuz soʻnmagan, bu nafrat vujudining allaqaerida uygʻonmoq uchun xuddi buyrakdagi toshday fursat poylab yotardi.

2

Prokuratura mahkamasidan chiqqan Chuvrindining koʻngli xira edi. U paxtadan qochgan kezlari hayotida ilk marta qamalib qolishdan qoʻrqqan edi. Sinf rahbarining qamoqdagi dahshatlar xususida gapirganlari hamon esida. U damda bu gaplarning aksari lof ekanini bolalar bilishmas edi. Oʻqituvchiga ishonishardi, koʻrqishardi. Birinchi marta Haydarga qoʻshilib oʻgʻirlik qilganida yana qoʻrqdi. Besh-oʻn kun eshik tiq etsa ham militsioner kirib kelayotganday choʻchib tushaverdi. Keyinchalik bu qoʻrquv ancha chekindi, ammo uni butunlay tark etmadi. Uni hamisha aql bilan ish koʻrishga majbur etuvchi his ham ana shu qoʻrquv edi.

Roviylar derlarki, bu aldoqchi hayot kishi bilmasdan yeb-ichib qoʻyadigan zaharga oʻxshar. Kishi zahar borligidan bexabar holda uni ishtaha bilan yer va bilmaski, unda oʻz oʻlimi yashirindir. Chuvrindi yeyayotgani asta-sekin ta’sir etuvchi zahar ekanini aniq bilmasa-da, baxtiyorlik ichra yashay turib baxtsizlikka uchramoqdan qoʻrqmoq lozimligini sezib turardi. Omadning fohisha xotin kabi ekanligi, bugun senga kulib tursa, ertaga boshqaga iljayib qarajagi ham unga ayon edi.

Bugungi tashrif uning uchun aytarli jiddiy ahamiyat kasb etmasa-da, koʻnglini xira qildi. Bunaqa mahkamalarga hatto shunchaki salomlashib chiqish uchun ham kirgisi yoʻq edi. Zohidning chaqiruv qogʻozini yirtib tashlab, bu idoradagi tanishlariga sim qoqib qoʻyishi ham mumkin edi. Avvalo ish chuvalashmasin, dedi. Oʻjar, haqiqatparast deb ta’riflanayotgan Zohidda shubha uygʻotishni istamadi. Qolaversa, ruhidagi nafsni oʻldira olgan tergovchini yaqindan bir koʻrish ishtiyoqi tugʻildi.

Asadbek hech yolgʻiz yurmasdi. Bu tabiiy hol. Katta odamning tashvishi ham katta boʻladi, atrofidagi xavfi ham. Kesakpolvon atrofidagilarga qadrini namoyish etish uchun, ogʻaynisiga taqlid qilib, u ham doimo bir-ikki yigit bilan birga boʻlardi. Bu guruhda faqat Chuvrindigina yolgʻiz yurardi. U birovga taqlid qilishni xushlamas edi, qolaversa, gavdasiga, kuchiga ishonardi.

Shahar markazidagi uch qavatli bino yertoʻlasiga joylashgan qarorgohiga ketaturib mashinasini koʻp qavatli imoratlar orqasida qolib ketgan mahalla sari burdi. Mahallaga urushdan ilgari asos solingani uchun imoratlari unchalik hashamatli emasdi. U mashinasini suvoqlari koʻchib tusha boshlagan uy qarshisida toʻxtatdi. Bu uy bir vaqtlar Asadbeklarning makoni edi. Uy egasi bir kechada uyni ham, xotinni ham Asadbekka boy berib, alamiga chiday olmasdan oʻzini osib qoʻygan edi. Asadbek u bilan qalin doʻst boʻlmasa-da, oʻzaro yaqinliklari bor edi. Shu sababli uning oʻlimidan ham iztirob chekdi, ham jahli chiqdi.
— Ering ahmoq ekan, — dedi ma’rakalari oʻtganidan soʻng. — Uy ham, xotin ham topiladigan narsa, jon topilmaydi. Kecha yutqizgan boʻlsa, bugun yutardi. Men unga uyni boʻshat, xotiningni ber, deb qistalang qilmovdim. Hozir ham bunday demayman. Uy oʻzingga buyursin. Xohlasang erga teg. Faqat eringni qimorga yaqinlashtirma.

Ayol nima uchundir erga tegmadi, Asadbeklar davrasidan uzoqlashishni istamadi. Dam-badam shu uyda qimorbozlar yigʻiladigan boʻlishdi. Xotin ularning xizmatini oʻrniga qoʻyib yuraverdi. Umri shu zaylda oʻtib, oltmishni qoralaganda yolgʻizligini his qila boshladi. Bu orada Chuvrindining onasi ham chiroyini, yoshligini boy bera bordi. Bozori chaqqon xonimning ishlari orqaga keta boshladi. Mayxoʻrlik uni odam kepatasidan chiqarib tashladi. Hali u yerda, hali bu yerda xor holida yotib yurganida Chuvrindi uni shu uyga olib keldi. Uy bekasidan «koʻz-quloq boʻlib turing» deb iltimos qildi. Chuvrindi uni ona sifatida qadrlamasa ham, odam sifatida rahmi kelardi. Koʻcha-koʻyda oʻlib-netib qolmasin, deb xavotirlanardi.

U hovliga kirishi bilan ayvon poydevoriga suyanganicha boshini osiltirib uxlab oʻtirgan onasini koʻrdi. U axlatxonada agʻanab yotganmi koʻylagiga qarab boʻlmaydi, sochlari toʻzib ketgan... Soʻlagi oqib oʻtirgan onasini koʻrib, ijirgʻandi. Shu xotin endi ellik yoshdan oshdi, desa birov ishonmas edi. Ayvonda uy bekasi koʻrinib, salomlashgach, izoh berdi:
— Ikki kun koʻrinmay ketdi. Tilanchilik qilib pul topganmi, bilmayman.

Chuvrindi yonidan pul chiqarib, unga uzatdi:
— Qancha ichsa, shu yerda ichsin, koʻchaga chiqarmang.
— Sheriklari bilan ichmasa koʻngli joyiga tushmaydi-da. Anavi kuni uchtasini boshlab kelibdi. Xafa boʻlmang-u, kiritmadim. Qoʻni-qoʻshnilardan uyalaman-da.
— Toʻgʻri qilibsiz, — Chuvrindi shunday deb, onasiga yana bir qarab oldi. — Telefon qilaman, hali olib ketishadi.
— Qayoqqa?
— Dispanserga.
— Davolab boʻlarmikin buni?
— Davolab boʻlmasa ham oʻsha yerda yotsin.

Chuvrindi shunday deb chiqib ketdi.

Uch qavatli bino yertoʻlasida uni Boʻtqa odatdagidek jilmaygan holda kutib olib, «shu yerdalar» deganday im qoqib qoʻydi.

Kesakpolvon bilan gaplashib oʻtirgan Asadbek oʻtirgan yerida qoʻl uzatib, koʻrishdi.
— Zaynab tuzukmi? — deb soʻradi Chuvrindi, uning qarshisidagi oʻrindiqqa oʻtirib.
— Yangang yonida qolgan. Telefon qilsam tuzuk, deyapti. Doʻxtirga yaxshilab tayinladingmi?
— Oʻzimizning odam. Tuzalgunicha yonidan jilmaydi.
— Prokuror nimaga chaqiribdi?
— U-buni surishtirdi... Jamshid masalasida.
— Kavlayaptimi?
— Ha, endi bir urinib koʻradi-da.
— Haydar, kavkazliklaringni roʻpara qilmoqchi eding-ku?
— Ular tayyor, prokuror ozgina kavlashtirsin, birdan roʻpara qilsak, xitlashadi. Kecha shoʻpirni iziga tushishdi. Shoʻpir bugun Uchariqdan kelsa, tappa bosishadi. U ogʻzidan gullaydi. Hammasini pishitib qoʻyganman. Osh tayyor, oʻzi suzib oladi.
— Kallangni ishlat, osh tagiga olmasin.

Kesakpolvon «bir-ikki marta tagiga oldirganmidim?» demoqchi boʻldi-yu, Asadbekning kayfiyati yomon ekanini eslab, indamay qoʻya qoldi.
— Bek aka, zavoddagi yigitlar xunuk xabar yetkazishdi, — dedi Chuvrindi.
— Yana nima boʻlibdi?
— Sharif qurugʻidan tortayotgan1 emish.

Bu gapni eshitib, Asadbek Kesakpolvonga qaradi.
— Nimaga menga qarayapsan, men oʻrgatibmanmi?
— Yigitlarning gapiga qaraganda, siz qoʻygan jonon bilan tortarkan, — dedi Chuvrindi.
— Boʻlmagan gap! U chekmaydi. Ninadan olishi toʻgʻri, lekin qurugʻidan tortmaydi.
— Mahmud, jonon buniki boʻlsa ham senga bir ish bor: agar oʻsha oʻrgatgan boʻlsa, chotini yirib, oyogʻidan daraxtga osib qoʻy. Sharifni doʻxtirga roʻpara qil, tuzatsin.
— Bormayman, desa-chi?
— Borgisi kelmasa, oʻlasi qilib kaltakla. Qon chiqmaydigan joyiga ur. Kaltakdan qoʻrqadi u xunasa.
— Qilichning oʻzi durust edi, buni bekorga taltaytirding. Foydasi tegadigan olim, deb yelkangga chiqarib olding. Ana endi oʻzi boshingga oʻtirib olib koʻllatib yotibdi.
— Oʻchir, aqling yetmagan ishlarga aralashma. U bugun boʻlmasa, ertaga kerak boʻladi bizga. Mahmud, doʻxtirdan soʻra, necha kunda tuzatarkin, shunga qarab, Portugaliyaga borishini hal qil.

Azaldan shu: Asadbek bir ishni amalga oshirmoqchi boʻlganida Kesakpolvon tushunibmi, tushunmaymi, fikr bildirsa, «aqling yetmagan ishga aralashma», deb shart kesadi. Boshqa odamga bu haqoratday yoki kamsitishday tuyulishi mumkin. Kesakpolvon esa bunaqa jerkishu, soʻkishu, la’natlashlarga koʻnikib ketgan. Ogʻaynisining soʻkkani soʻk oshi, urgani un oshi, deyish nooʻrin, chunki Asadbek unga hech qachon qoʻl koʻtarmagan. Chuvrindini yoshlikdagi xatolari uchun bir-ikki urgan, ammo Kesakpolvonni chertib ham qoʻymagan.

Asadbekning hozirgi jerkib baqirishi sahrodagi qumga singgan tomchiday beta’sir boʻldi — oraga noqulaylik choʻkmadi.
— Jamshidning oʻrniga kimni berasan? — dedi Asadbek Kesakpolvondan.
— Chaqiraymi, shu yerda, — Kesakpolvon shunday deb oʻrnidan turdi. Eshikka yaqinlashib, qiya ochdi-da, Boʻtqaga imladi.

Xonaga qoruvli, mushaklari oʻynab turgan, qalin qoshlari tutash bir yigit kirdi. Saqich chaynab turgan bu yigitning turqi Asadbekka yoqmadi.
— Kavsh qaytarma, bu yer senga molxona emas! — dedi jerkib.

Yigit saqich chaynashini toʻxtatib, koʻzini loʻq qilganicha turaverdi.
— Tashqaridagi akang bilan solishsang eplaysanmi? — deb soʻradi Chuvrindi Boʻtqaga ishora qilib.
— Menga choʻt emas.
— Shunaqasidan ikkita boʻlsa-chi?
— Eplashtiraman.
— Nimaga ishonib aytyapsan bu gaplarni?
— Oʻzimga ishonaman.
— Hozir chiqib oʻshani majaqlab tashla, desam bajarasanmi? — deb soʻradi Asadbek.
— Majaqla desangiz, majaqlayman, — dedi yigit oʻylab ham oʻtirmay.

Jamshid bilan dastlabki uchrashuvda ham shunday savol berishgandi. U savolga sukut bilan javob qilgan edi.
— Oʻldir, desam-chi?
— Oʻldirish kerak boʻlsa, oʻladi.
— Keyin-chi?
— Keyin... siz nima desangiz shu.

Asadbek oʻrnidan turdi. Yigit bez boʻlib qotib turaverdi. Asadbek xuddi tashqariga chiqmoqchiday eshik tomon yurdi. Ammo yigitning yonidan oʻtayotganida keskin burildi-da, uning jagʻiga musht tushirdi. Zarbani kutmagan yigit chayqalib ketdi. Nima voqea yuz berganini tushunib yetmasidan qornidan tepki yeb bukchaydi, bukchaydi-yu, gardanidan musht yeb yiqildi.
— Bir qop goʻsht-ku, buning, — dedi Asadbek joyiga oʻtirib. Shu damda yana Jamshidni esladi. Jamshid ham shunday sinalgan, ammo ziyraklik qilib mushtga chap bergan edi.
— Men seni erkak deb yursam, hebbim ekansan-ku, — dedi Kesakpolvon yigitga. — Yana Boʻtqadan ikkitasini yopishtiraman, deb kerilasan-a?! Boʻtqa sendaqadan oʻntasini sixga terib qoʻyadi. Nafas olib, chiqarishga ulgurmay qolasan. Tur oʻrningdan, tuqqan xotinga oʻxshab yalpaymay, tur!
— Bek akamga qoʻl koʻtarolmayman-ku, — dedi yigit oʻzini oqlamoqchi boʻlib.
— Qoʻl koʻtarib ham koʻr-chi! — dedi Kesakpolvon.— Men senga qoʻl koʻtar, demadim, hech boʻlmasa oʻzingni himoya qilmaysanmi?
— Aytmagandingiz-ku?
— Oʻzingni himoya qilishingni ham birov aytib turishi kerakmi? — dedi Chuvrindi.
— Bor, ishingni qilaver.

Yigit chiqishi bilan Asadbek Kesakpolvonga savol nazari bilan qaradi.
— Zoʻri shu edi. Hali yosh, oʻrganib ketadi. Bilib turibman, sen Jamshidga oʻxshaganini xohlayapsan. Yigitlar orasida unaqasi yoʻq boshqa.
— Jamshidni gapirma! — deb baqirdi Asadbek.

Jamshidni koʻmib kelishganidan beri, ayniqsa qizi Zaynab oʻzini osib qoʻyganidan beri Asadbek yursa ham, tursa ham sodiq yigitini oʻylardi. Koʻzini yumdi degunicha, jingalak sochli Jamshid koʻrinaverardi. Bu holni u oʻtkinchi deb oʻylardi. Keyingi kunlar ichi Jamshidni oʻlimga hukm qilganidan oʻkina boshlagan ham edi. Boshqa odam tomonidan bu ismning tilga olinishi yuragini jizillatib kuydirib turgan choʻgʻ ustiga sepilgan moy kabi edi.
— Mening oldimda uni eslay koʻrma!

Ayonlar uning ruhidagi oʻzgarishdan bexabar, hali ham gʻazabdan tushmabdi, deb oʻylashdi. Shu payt eshik ochildi-da, Boʻtqa Chuvrindini imlab, «telefonga» deb qoʻydi.
— Kim ekan, shu xonaga ulavermaysanmi?

Boʻtqa sirli ravishda bosh chayqab qoʻygach, Chuvrindi ajablanib, oʻrnidan turdi. Ostona hatlashi bilan Boʻtqa sekin shipshidi;
— Doʻxtir chaqiryapti. Bek akamdan yashiradigan gapi bor, shekilli?

Chuvrindining nazarida tabibning ovozi titrayotganday boʻldi, shu sababli xavotirlanib:
— Zaynab sogʻmi? — deb soʻradi.
— Zaynab-ku sogʻ... — dedi tabib mujmal ohangda.— Bolasi tushdi. Shuni Bek akamga oʻzingiz yotigʻi bilan aytasizmi?
— Yangam qaerdalar?
— Qizlarining yonida yigʻlab oʻtiribdilar. Eng muhimi, Zaynab omon qoldi. Xavotir olmanglar, oʻn-oʻn besh kunda oyoqqa turib ketadi. Keyserovo qilamizmi, deb choʻchib turuvdik, bu yogʻini Xudoning oʻzi yengillashtirdi.

Chuvrindi «xayr» deb goʻshakni joyiga qoʻygach, bir oz oʻylanib turdi. Tabib oʻzining zimmasidagi ogʻir vazifani uning yelkasiga agʻdargan edi. U xonaga qaytganida Asadbek ham, Kesakpolvon ham jim oʻtirgan edi.
— Nima gap? — dedi Asadbek Chuvrindining boʻshashibroq turganini sezib.
— Kasalxonada ekan... Zaynabning sogʻligʻi yaxshi. Faqat... bolasi tushibdi.
— Nega tushadi? — dedi Kesakpolvon. — Nega yaxshiroq qaramadilaring, demadingmi?

Chuvrindi «nima deyapsiz, esingiz joyidami?» deganday im qoqdi. Asadbek Kesakpolvonga «jim boʻl» deb qoʻydi-da, xayolini bir yerga jamlash uchun barmoqlariga tikildi.

Qizining yukli ekanini bilganidan beri dam-badam tugʻilajak nabirasini koʻz oldiga keltirmoqchi boʻlardi. Shirindan-shirin chaqaloq tushlariga kirardi. «Tushimda yana chaqaloq koʻrdim», deb suyunganida xotini Manzura labini tishlab bosh chayqab qoʻyar- di-yu, ta’birini aytmasdi. Ta’biri... demak, shu ekan-da? Asadbek oʻrnidan turib, eshik tomon yurdi. Bir-ikki odim bosgach toʻxtab, Chuvrindiga qaradi.
— Elchinga xabar ber. Shov-shuv qilmalaring. Odamlarning bilmagani ma’qul.

Kesakpolvon kuzataman, degan maqsadda oʻrnidan turgan edi, Asadbek «oʻtiraver, ergashma», dedi. Kesakpolvon ostonaga qadar kuzatib borib «yolgʻiz qoldirmanglar», deb Boʻtqaga imlagach, joyiga qaytdi.
— Bugun ja jirillab qoldingmi? Prokuror bilmasdan dumingni bosib oldimi? — dedi Kesakpolvon oʻrindiqqa yastanib oʻtirib.
— Bir nimaning hidini olganga oʻxshaydi, — dedi Chuvrindi uning qarshisidan joy olib. — Ochiq aytmadi-yu, ammo sezdirib qoʻydi. Oʻlik choʻloqmidi?
— Nima?
— Bir oyogʻi kaltamidi?
— Men qayoqdan bilaman, yurgʻizib koʻrib olibmanmi? Bitta oʻlik topish kerak deding, topib keldim. Endi mening boshimni ogʻritma.
— Oʻxshamaganidan topilibdi-da. Bek akam-ku, ishondilar. Prokuror darrov ishonadiganmas.
— Hey, akosi, egasiz oʻliklar taxlanib turgan joy bormi? Yo Haydar akang jingalak soch oʻlik tugʻib berishi kerakmidi?! Aytaver, sen aytsang, oʻlik tugʻib bermagan — nomard!
— Jahlingiz chiqmasin, shoshilinchda boʻlgan ish... Chorasini oʻylashimiz kerak.
— Sen bola, bir xil paytlarda ja oʻzingdan ketyapsan.
— Haydar aka, siz shu gapni koʻp aytasiz, men ham bir xil javob beraman: mening maqsadim bir — hammamiz bexavotir yashaylik. Biz qilkoʻprikda yuradigan odamlarmiz. Bularning qachon oyogʻi toyib ketarkin, qachon yiqilarkin, deb umid bilan tikilib turgan koʻzlar mingta. Oʻzimiz ehtiyot boʻlmasak, birov bizni ehtiyot qiladimi, bizga birovning joni achiydimi?
— Bu ishing yaxshi, gap yoʻq! Lekin oshirvorma, bola. Qil koʻprikda yursak ham qoʻlimiz uzun, pastda yiqilishimizni kutayotganlar koʻp boʻlsa, tepada qoʻlimizdan ushlab qoladiganlar ham bor. Shuni unutma, boʻlar-boʻlmas gaplarni Bekka aytaverma.
— Bek akamga nima debman?
— Bugungi gaping shart emas edi. Sharif masalasini oʻzimiz imi-jimida toʻgʻrilasak ham boʻlardi. Oraga jononni qoʻshib, meni aybdor qilib qoʻyding.
— Imi-jimida ish qilishga haqqimiz yoʻq. Bek akam hamma narsadan xabardor boʻlishlari kerak. Oʻng qoʻlning ishini chap qoʻl bilmasa chatogʻi chiqadi.
— Senga aql oʻrgatgan men ahmoq, — dedi Kesakpolvon jilmayishga harakat qilib. — Ehtiyot boʻl, bola, jagʻingni ezib qoʻymayin. Ildizimga bolta uraman, deb urinib yurma.

Kesakpolvon bu gapni hazil ohangida aytayotgan boʻlsa ham Chuvrindi hazil tagi zil ekanini fahmladi. Ammo sir boy bermaslik uchun jilmayib qoʻyib javob berdi:
— Hammamizning ildizimiz bir. Yashamoq ham birga, oʻlmoq ham birga.

3

Asadbek qizi yotgan xonaga kirmadi. Toʻgʻri, odatda ichkariga erkak zoti qoʻyilmasdi, lekin Asadbek oʻtmoqni ixtiyor etsa, istisno tariqasida bu qoida buziluvi mumkin edi. U qoidani buzgisi kelmadi, demoqlik lofga yaqin gap boʻlar. Asadbek qizi oldida oʻzini aybdor his qilar, ana shu his Zaynabga roʻpara boʻlishiga yoʻl qoʻymas edi. U qizining mungli koʻzlariga botinib qaray olmasdi. Farzandga ilashgan bir misqol baxtsizlik otaga yuz botmon miqdorida ogʻir baxtsizlik yuki boʻlib ezajagini qizi yoʻqolib, topilganidan soʻng his etdi.

Tabibboshining xonasida oʻtirganida davolovchi tabib tib ilmiga xos tilda xastalik sabablarini bayon qildi. Uning gaplari Asadbekning qulogʻiga kirmadi. U qovoqlarini uyub, bir nuqtaga tikilganicha oʻtirdi. Tabib gapini tugatib, jim boʻlgach, unga qaradi-da:
— Yangangni chaqir, — dedi.

Ellik uchinchi yilda ukasi Samandarning hech kutilmaganda shamollab, oʻlib qolishi yuragiga bitmas jarohat solgan edi. Bu jarohat yillar oʻtib ham tuzalmadi. Bil’aks, yaralangan jangchi badanida qolib ketgan temir parchasiday dam-badam qoʻzgʻolib azob berib turdi. Badandagi temir parchasini jarroh olib tashlashi mumkin, ammo yaralangan ruhga davo yoʻq... Birinchi farzandi tugʻilganida baxtiyorlik dengizi uzra suzdi. Biroq, bu dengizning poʻrtanalari ham bor edi. Bola yoʻtalsa yoki isitmalasa Asadbek shaytonlab qolay derdi. Bola tuzalmagunicha ming xayolga borardi. Tanchaning bir chetida yotgan ukasi koʻz oldiga kelaverardi. Samandarning isitma otashida yonib aytgan soʻzlari qulogʻi ostida jaranglayverardi: «...samaloʻt, qanotiyni pastlab oʻt...»

Dunyo yuzini koʻrmay oʻtgan nabirasi yana jarohatini yangiladi...

Manzura ostona hatladi-yu, qaddini bukib oʻtirgan eriga yaqinlasha olmay, toʻxtadi. Nazarida eri «He, noshud!» deb soʻkib qoladiganday edi. Asadbek xotiniga qaradi, unga rahmi keldi. Manzuraga yaxshi gap aytgisi, koʻnglini koʻtargisi keldi. Lekin gap topolmadi. Roʻparasidagi boʻsh stulni koʻrsatib, «oʻtir» dedi. Ikkovi anchagacha jim oʻtirishdi.
— Bir oydan keyin oʻgʻillaring kelishadi. Ikkovini baravar uylab qoʻyamiz, — dedi Asadbek jimlikni buzib. Koʻpdan beri xayolini band etib kelayotgan bu fikrni aynan shu damda, uyda emas, aynan shu yerda aytishiga sabab, xotinining zimiston koʻngliga umid chirogʻini yoqish edi.
— Xudo oʻsha kunga yetqazsin, — dedi Manzura titroq ovozda.

«Hozir yana bir narsa desam yigʻlab yuboradi», deb oʻyladi Asadbek.
— Sen piqillama, hali yosh, istaganicha bola koʻraveradi.
— Aytganingiz kelsin, iloyim... dadasi... bolani olib koʻmish kerak. Bu yerdagilar tashlab yuborishadi.
— Ha, ha, albatta, — Asadbek shunday deb, telefon goʻshagini koʻtarib, lozim raqamni terdi. Uch qavatli uy yertoʻlasidagi telefonchi qizlar uning ovozini tanib, darrov, xos xonani uladilar. Goʻshakni Chuvrindi koʻtardi.
— Mahmud, — dedi Asadbek, — Haydar akang bu yerga yetib kelsin. Sen oʻzing Elchinning uyiga borib tur, qabristonga odam yubor. Bolani koʻmish kerak.

Shunday dedi-yu, goʻshakni joyiga qoʻydi — ortiqcha gap-soʻzga hojat yoʻq edi. Tabibboshi darsga kech qolgan boladay eshikni asta ochib, qaradi.
— Kiravering, — dedi Asadbek unga marhamat qilib. — Ayting, bolani tayyorlab qoʻyishsin...
— Olib ketasizlarmi? — dedi tabibboshi ajablanib. — Odatda koʻpchilik...
— Men koʻpchilik emasman...

Haydar yetib kelishi bilan Elchinning uyiga joʻnashdi.

...Asadbek qabristonlarda koʻp marta boʻlgan. Ammo bu safar oʻzi ham anglamagan gʻalati bir kayfiyatda kirib, gʻalati bir kayfiyatda chiqdi. Ilgari u bahaybat qabrtoshlarga e’tibor bermas edi. Bugun ne uchundir bu toshlar gʻashiga tegdi. Garchi yer ostida, indamaslar olamida yotganlar bir xil libosda, bir xil koʻrinishda boʻlsalarda, ularning tepalari turli holda bezalgan: bir qabr shunchaki somon suvoq qilib qoʻyilgan, boshqasi ustida oq marmar, qora marmar... hatto haykallar... Boʻy baravar bir haykal qoʻlini koʻksiga qoʻyib turibdi. Shom qorongʻusida oʻtgan odam qoʻrqib ketishi hech gapmas — xuddi mayit yer ostidan chiqib «Xush kelibsiz, qani, ichkariga marhamat», deb turganday...

Bahaybat qabrtosh yonida bolaning qabri bir uyumgina tuproq boʻldi. Xuddi bolalar hammompish oʻynashga toʻplagan tuproqdayin...

4

Quyosh botayotgan mahalda Manzura kasalxonaga — qizi yoniga, Asadbek huvillab yotgan uyiga qaytdi. Uning koʻngli yolgʻizlikni istayotgan edi. Tanho qolib, tanholik iskanjasida ezila boshladi. Uyga kirdi, hovliga chiqdi. Xuddi yoʻqotgan bir narsasini qidirayotganday ivirsidi. Kesakpolvonni chaqirtirmoqchi boʻlganida, darvozaxonada tanish ovoz eshitildi — Jalil! U odati boʻyicha, birov eshitsa-eshitmasa darvozaxonadayoq gapini boshlab yuborgan edi.
— Sen ham odamga oʻxshab uyingda oʻtirar ekansan-ku, a? — dedi u Asadbek bilan salomlashgach.
— Daydib yurganimni koʻrganmiding? — dedi Asadbek, uni ayvonga boshlab.

Jalil ikki kishi bemalol sigʻadigan yumshoq oʻrindiqqa oʻtirib, chordana qurib oldi-da, fotiha qildi. Soʻng «shirin soʻzlik» bilan hol soʻradi:
— Ha, tinchlikmi, qovogʻingdan qor yogʻib turibdi?
— Qovogʻim joyida, qor yogʻayotgani yoʻq.
— Bekor aytibsan. Men devor boʻlmasa koʻchani koʻradigan odamman. Manzurang qani?
— Kasalxonada.
— Ana, bilaman-da! Zaynab tuzukmi?

Asadbek «Zaynabning tobi yoʻqligini qayoqdan bilding?» deganday unga ajablanib qaradi.
— Menga bunaqa qarama. Hovliga oʻtuvdim. Eshitdim. Zaynab oʻzini osib qoʻyganmish. Shu rostmi oʻzi?
— Rost...
— Nima gap oʻtuvdi?
— Hech gap.
— Bekordan-bekor odam oʻzini osarkanmi? Kallangni ishlatib koʻrmadingmi?
— Sasima. Ishing boʻlmasin.
— Ishim-ku, boʻlmaydi, ogʻaynichalish. Senga achinaman-da. Har holda qiz oʻrtogʻimsan. Jahling chiqsa ham rost gapni aytaymi?
— Ayt.
— Puli koʻpning aqli kamroq boʻlarkan. Xudo senga boylik berdimi — berdi. Obroʻ berdi, xullas, nimaiki xohlasang hammasini berdi. Evaziga bittagina ish buyurdi, shuni qilmaysan, a?
— Nima ish?
— Namoz oʻqish-da! Oʻqisang oʻlib qolasanmi?
— Vaqt-soati kelar.
— Masjid qurdirganing nimasi-yu, oʻzing namoz oʻqimaganing nimasi?
— Ishing boʻlmasin, dedim.
— Xoʻp, ishim boʻlmasa boʻlmay qoʻya qolsin. Hozir jahling chiqib turibdi, gap yoqmaydi senga. Lekin bilib qoʻy: mendaqa ogʻaynini boshqa topa olmaysan.
— Kim oʻzini maqtardi?
— Xoʻp, men ahmoqman. Lekin bilib qoʻy: oʻsha ahmoq oshnang sening faqat buguningni emas, oxiratingni ham oʻylab gapiryapti bu gaplarni. U dunyoda men jannatda yursamu sen doʻzaxda yursang, menga alam qiladi.

Bu gapni eshitib Asadbek kulimsiradi.
— Nimaga ishshayyapsan? — dedi Jalil achchiqlanib.
— Oʻzing namozni qachon boshlading?
— Yarim yildan oshdi.
— Jannatga kirish uchun yarim yil namoz oʻqish yetarli ekanmi? Senga hozirning oʻzida «jannatga kirasan» degan patta berib qoʻyishdimi?
— Sen bola meni masxara qilma. Men yarim yil namoz oʻqib, erta-indin oʻlib beradigan ahmoq emasman. Xudo xohlasa, yuzga kirish niyatim bor. Hassaga suyanib, munkillab yurganingda bir kulayin...
— Oʻzing munkaymaysanmi?
— Yoʻq, mening suyagim mehnatda qotgan. Maishatni zoʻr qilgan odam tez munkayadi. Kam yeb, sabr qilib yurgan odam qariganida ham baquvvat boʻlarkan.
— Qariguncha yoʻgʻon ingichkalashib, ingichka uzilarkan...

Bir oz asabiy holda boshlangan suhbat shu zaylda yumshab qorongʻi tunga qadar choʻzildi. Jalil Zaynabni ham, boʻlib oʻtgan noxush voqealarni ham boshqa eslamadi. Oʻzining sodda gaplari bilan oshnasining koʻnglini ovlab oʻtirdi. Uyiga ketishga harakat ham qilmadi. Asadbek ichkaridan koʻrpachalar olib chiqib, hovlidagi soʻriga oʻrin soldi. Yana allaqancha vaqtgacha suhbatlashib yotdilar. Jalil «ertalab ishga boraman» deb koʻrpaga burkanganida tun yarimlab qolgan edi.

«Chindan ham bunaqa oshnani topa olmayman», deb oʻyladi Asadbek.

Asadbek shu paytgacha hovlidagi soʻrida yotmagan edi. Shuning uchun ham boloxonadagi yigitlar bu tunni yanada sergak holda oʻtkazdilar.

VII bob

1

Aeroportga kiraverishda yigʻlab turgan ayol Zelixonga tanishday tuyuldi. Bu goʻshtdor ayol turklarni olib ketgan avtobus karvoni iziga koʻz tikkanicha yigʻlardi. Ichkaridan uzun boʻyli, qorin qoʻygan, bashang kiyingan Selim chiqib kelgach, oʻn besh kun ilgari erini jon-jahdi bilan himoya qilgan bu xotinni tanidi.
— Nima qilib turibsan, kir ichkariga! — deb jerkidi Selim.
— Buvimlarni koʻrdim,— dedi ayol yigʻidan toʻxtamay.
— Koʻrgan boʻlsang, yaxshi, tirik ekan. Keyinroq topamiz. Osmonga chiqib yoʻq boʻlib ketishmaydi, oʻlmay qolganiga quvonsang-chi! — Shunday deb oʻziga yaqinlashayotgan Zelixonga koʻzi tushdi-yu, rangi oqarib ketdi: — Zeli ogʻa?
— Koʻrinishing binoyi...— dedi Zelixon unga boshdan-oyoq razm solib.— Uying yonmaganga oʻxshaydi, a? Boʻri bilan shunday shartlashganmiding?

Ayol erining qoʻlidan ushladi.
— Yuring, bu yerda turmaylik.
— Sen ichkariga kiraver, qoʻrqma, eringni yeb qoʻymayman. Buni it yesa, it ham harom oʻladi.
— Agar yana tegsangiz dod solaman, milisa chaqiraman,— dedi ayol.
— Milisaning eringni himoya qilishdan boshqa tashvishi yoʻqmi? Bor, deyapman, erkaklarning gapiga sen aralashma. Hozir buni chertishdan ham hazar qilaman. Buni urish bilan ish bitmaydi, buni biratoʻla otish kerak!

Bu gapdan keyin ayolning esxonasi chiqib, eriga qalqon boʻlmoqchi edi, Selim uni siltab tashladi:
— Ichkari kir, deyilgandan keyin kir. Bolalarga qara!

Ayol eriga boʻysunib, ichkariga kirdi.
— Men bunchalik boʻlarini kutmagan edim,— dedi Selim oʻzini oqlash niyatida.
— Qanaqa boʻladi, deb oʻylovding?

Selim «bilmayman» deganday yelka qisdi.
— Boʻri qaerda?
— Bilmayman, uni oʻshandan beri koʻrmadim.
— Nega ketyapsan, senga tegishmabdi-ku?
— Bilib boʻladimi, bugun boʻlmasa, ertaga...
— Shunday uyni tashlab ketaverasanmi?
— Picha vaqt oʻtsin, tinchisin, kelib sotib ketarman.
— Sotolmaysan.
— Nega, Zeli ogʻa?
— Uyingni bugunoq yoqaman.
— Yoʻq, Zeli ogʻa, bolalarimga rahmingiz kelsin, meni xonavayron qilmang.
— Seni xonavayron qilib boʻlarkanmi? Nechta chamadon bilan ketyapsan.
— Koʻp emas,— dedi Selim dovdirab,— oltita. Kichkina chamadonlar.
— Boshqalar,— Zelixon avtobuslar karvoni ketgan tomonga qarab qoʻydi,— bitta koʻylak bilan ketishdi. Ogʻam Ismoilbeyga kafanni oʻzbeklar berishdi.
— Ogʻam oʻldilarmi?
— Ha... mening bobomni ham oʻzbeklarning oʻzlari kafanlab koʻmishgan edi. Shu narsaga aqling yetadimi sening?
— Ha, tushunaman. Yomonlik istashmas edi.
— Yoʻq, tushunmaysan. Tushunganingda oltita chamadonni liq toʻldirib qochmas eding. Boshqalar bilan birga boʻlarding. Sen xunasani baribir otaman. Qayoqqa borsang ham izlab topib, otaman. Toʻpponcham boʻlganida hoziroq otar edim. Mayli, yana ozgina yashay qol. Ozgina boʻlsa ham darbadarlik nima ekanini bilib qoʻy.
— Zeli ogʻa, unday demang, sizni hurmat qilaman.
— Hurmat qilmay qoʻya qol. Bor, ichkariga kir, xotiningning yuragi yorilib ketmasin. Sen meni kutgin, bir kunmas-bir kun uyingga kirib boraman. Agar bir balo boʻlib qamalib ketsam, odam yuboraman. Seni oʻldirish endi menga qiyomat qarz!

Zelixon bu gaplarni atayin uni qoʻrqitish uchun aytgan edi. Uning nazarida Selimga bitta oʻq kifoya emas. U bundan buyongi hayotini qoʻrquvda, talvasada oʻtkazishi lozim edi.

Selim chindan ham qoʻrqdi. Ammo shu onning oʻzida Zelixondan oson qutulayotganiga quvonib, xayr-ma’zurni nasiya qilgani holda ichkariga kirdi. Bundan Zelixonning achchigʻi chiqdi. Ichkari kirib bir adabini bermoqchi ham boʻldi. Shu onda qandaydir bir gʻoyibona ovoz: «oʻzing-chi, joningni saqlab qolgan odamga xayr ham demay ketmoqchisan-ku?»— dedi. «Ha-ya,— dedi u oʻziga-oʻzi,— Yigitaliga uchrashmay ketsam, durust boʻlmas». Shu qarorga kelib, shaharga qatnaydigan avtobusga oʻtirdi. U Yigitalinikiga bu usti-bosh bilan borib boʻlmasligini, soqchilar koʻpaygani, shubhali odamlar hibsga olinmogʻi mumkin ekanini bilardi. Shu bois avval Nadyanikiga bormoqni, yuvinib-taranib, soʻng Yigitaliga uchrashmoqni afzal koʻrdi...

...Eshik darrov ochilmadi. Qoʻngʻiroqning ikkita qisqa, uchta uzun jiringlashi ham ichkaridagilarga ta’sir etmadi. Qoʻngʻiroqni qayta-qayta bosavergach, eshik qiya ochilib, sochlari toʻzgʻigan, oʻng qoʻl barmoqlariga sigaret qistirgan Nadya koʻrindi.
— Zelya, senmiding? — dedi u xushlamagan bir ohangda.
— Nadulya, mehmonni yaxshi kutib olmayapsan? — dedi Zelixon ichkari kirib, uning beliga qoʻl yuborib,— nima boʻldi, tinchlikmi?
— Jonimga tegdilaring, hammalaring! — Nadya shunday deb unga esh bermay, oshxona tomon yurdi. Gaz plitasi ustidagi gugurtni olib, sigaretni tutatdi.

Zelixon ajablanib, katta xona eshigini asta qiyalatib, ichkariga moʻraladi: ikki yigit divanda bir-birining yelkasiga bosh qoʻyib uxlab oʻtiribdi, yana biri ustol oyogʻini quchoqlagan holda qotgan. Dimogʻiga nasha hidi urilib, burnini jiyirdi. Zelixon bu yigitlarni tanimadi. Ichkariga kirib oʻng tomondagi yotoq eshigini ochdi. Ikki oʻrinli karavotda yotgan, chap qulogʻining ostidan ogʻzigacha tirtigʻi boʻlgan yigitni darrov tanidi — Fedya. Ustiga bostirib borib, boʻgʻib oʻldirgisi keldi. Lekin bu uyda guvoh borligini eslab, oʻzini tutdi. Gʻijim yostiqqa qarab, zaharli jilmaydi. — Nadyaning hozirgina shu oʻrindan turib chiqqanini fahmladi. Oshxonaga chiqib, uning belidan quchdi.
— Nadulya, bazm zoʻr-ku? Halaqit beribman-da? — dedi uni erkalab.— Bearmon tortishibdi-ku?
— Buning Boʻri emas, toʻngʻizning oʻzi boʻlibdi. Kechadan beri tortishadi. Qayoqdan kelishdi bu boshimga bitgan balolar? Oʻzing qayoqda eding? Basharangdan it ham qoʻrqadi.
— Olatasirning ichida yuribman.
— Senga yarashmas ekan.
— Nima yarashmaydi?
— Egasiz uylarni oʻmarishni aytyapman. Bu Akademikning ishi emas, yo shunchalik tubanlashib ketdingmi?

Zelixon «doʻstim bilan birga edim», demoqchi boʻldi-yu, «baribir tushunmaydi», deb indamay qoʻya qoldi.
— Ichasanmi? — dedi Nadya qopqogʻi ochilgan aroq shishasini qoʻlga olib.
— Yoʻq,— dedi Zelixon.
— Men bilan ozgina ich, yuragim tars yorilay deyapti,— shunday deb ikki qadahni toʻlatdi-da, birini olib, soʻz aytmayoq ichib yubordi.
— Senga nima boʻldi? — dedi Zelixon.
— Nima boʻlganini sezmayapsanmi? Doʻzaxning eshigi ochilib ketganga oʻxshaydi. Qoʻrqyapman. Xuddi uyimga bostirib kirib, yoqib yuborishayotganga oʻxshaydi.
— Bu yerlarga qachon kelgansan?
— Bu nima deganing? Shu yerda tugʻilganman.
— Shu yerda tugʻilsang ham bu odamlarni bilmas ekansan.
— Hozir hech kimni bilib boʻlmaydi.
— Nadulya, sen bu yerdan ketishing kerak. Istasang, olib ketay?
— Nima uchun?
— Anavilarning iziga tushishgan. Bularga qoʻshib seni ham joylab qoʻyishmasin. Gʻalvalarning boshida shular turishdi. Belgili odamlar. Bular qutulib, sen esa tutilib qolishing mumkin. Uyda qoʻrqib oʻtiruvdim, degan gapingga ishonishmaydi.
— Shuni aytgani keldingmi?
— Ha.
— Ovora boʻlibsan, meni hech kim ilintira olmaydi.
— Akademikning gapiga kirmaganlar xor boʻladi, bilib qoʻy. Men bekordan-bekorga gapiravermayman.

Nadya bir oz oʻylandi. Shu payt Zelixon xayoliga yaxshi fikr keldi:
— Nadulya, menga igna ber,— dedi u.

Oʻyga botib turgan Nadya bu gapdan keyin ajablanib, unga qaradi.
— Nima qilasan? Sening bunaqa odating yoʻq edi-ku?
— Odam oʻzgarib turadi, Nadulya. Igna ber. Doridan ham ber, koʻproq ber.
— Koʻproq? Koʻproq uchun koʻproq pul kerak, yaxshi yigit.
— Men sendan qarz boʻlib qolganmanmi hech? Dorini beru oʻzing ket bu yerdan. Pulni kechki payt olasan. Qaerda boʻlishingni aytsang bas.
— Shu yerda tur,— Nadya xojatxonaga kirib, eshikni zanjirladi. Bir ozdan soʻng beshta tsellofan xaltachadagi kukunni uzatdi:
— Bori shu.
— Nadulya, sen mening quyoshimsan! — Zelixon shunday deb tomogʻidan oʻpmoqchi edi, u oʻzini olib qochdi.— Sen ketaver, Nadulya, men Boʻrining oʻziga kelishini kutaman. Unda hisob-kitobli ishim bor.
— Hali-beri oʻziga kelmaydi, rosa tortib, oʻlgudek ichgan. Sen shu yerda tur.

Nadya yarim soat mobaynida narsalarini yigʻishtirdi-da, bir-ikki kun mobaynida qaerda boʻlishini aytib, chiqib ketdi.

Nadya chiqib ketishi bilan Zelixon ishga kirishdi. Hojatxonaga kirib qoradori kukunini izladi. Nadya, garchi uzoq yillardan beri oʻgʻrilar bilan birga boʻlsa-da, xotinligiga borgan, hojatxonaga kirib, kukun qaerda boʻlishi mumkin ekanini bildirib qoʻygan edi. Zelixonday tajribali oʻgʻri uchun kukun konini topish ogʻir vazifa emasdi. Katta-kichik turli quvurlar oʻtgan moʻri eshigini ochib, diqqat bilan koʻzdan kechirdi. Uning ziyrak koʻzi quvurlar ortidagi ingichka, pishiq oq kanopni ilgʻadi. Kanopni asta tortdi. Bir quloch uzunligidagi kanopga pishiq kapron xalta bogʻlangan, xaltada esa sotish uchun tayyorlab qoʻyilgan yigirmaga yaqin xaltachalar bor edi. Zelixon yana beshta xaltacha oldi-da, xaltani joyiga tushirdi. Soʻng chiqib, roʻmolchasini xoʻllagach, qoʻli tekkan eshik tutqichlarini artdi. Keyin kukunga suv qoʻshib, suyultirdi. Fedya yotgan xonaga kirdi-da, har ehtimolga qarshi uning oyoqlarini bogʻladi. Soʻng rezina ichak bilan bilagini mahkam bogʻlab, qoʻl tomirlarini asta shapatiladi. Tomir boʻrtib chiqqach, igna sanchdi. Ham nashaning, ham aroqning kayfidan behush yotgan Fedya qimirlab ham qoʻymadi. Miqdori ancha oshirilgan qoradori tomirdagi qonga qoʻshilib, uni yoʻqlik dunyosiga olib ketmogʻi lozim edi. Katta xonadagi yigitlar qismati ham shu edi. Ishni bajarib boʻlgach, ularning choʻntaklarini kavlab, pullarini ola boshladi. Yerda yotgan yigitning choʻntagidan chiqqan tugilgan roʻmolchani yechib, tilla tishlarni koʻrdi-yu, gʻazabiga chidolmay uning qorniga tepdi.

Zelixon barmoq izlari tushishi mumkin boʻlgan joylarni yana bir karra artgach, uydan chiqdi. Shu yaqin oradagi telefonga borib, militsiyaga qoʻngʻiroq qildi. «Turklarning uyini yoqqanlar» qaerda yotganligi haqida ma’lumot berdi. Oradan yarim soat oʻtgach, militsiya mashinasi kelib, toʻxtaganini koʻrib, xotirjam ketdi. Markaziy magazinga kirib oʻziga yangi ust-bosh oldi, sartaroshxonaga oʻtdi, undan hammomga tushdi. Shundan keyingina Yigitalinikiga qarab ketdi. Yoʻl-yoʻlakay kitob doʻkonidan muqovasi chiroyli ikkita qalin kitob sotib oldi.

Kechagina qiyomat sodir boʻlgan yerda endi osoyishtalik hukm surmoqda edi. Yongan uylar, koʻchada yurgan qurolli askarlargina notinchlikdan darak berib turardi. Soqchilar bashang kiyingan, sochlariga oq oralagan, kitob koʻtarib olgan bu odamni toʻxtatmadilar. Zelixon ham atrofiga alanglab, ularda shubha uygʻotmadi. Faqat Ismoilbeyning yonib ketgan uyi oldida bir zum toʻxtashga majbur boʻldi, teskari qarab oʻtib keta olmadi. Oʻsha tomonda Ismoilbey xoʻrsinganday boʻldi, soʻng goʻyo pichirladi: «Qoʻnma bulbul, qoʻnma bulbul...»

Yigitalining eshigi ochiq edi. Zelixon ichkari kirib, ayvonga yaqinlashgach, ovoz berib chaqirdi. Yigitalining xotini hovli etagida, qoʻyxonada ekan, Zelixonni koʻrib, avval tanimay bir oz dovdiradi.
— Men qoʻshningiz Ahadbeyning oshnasiman. Anavi kuni Yigitali akam meni qutqarib qoluvdilar, rahmat aytay deb keldim.

Ayol endi uni tanigan boʻlsa ham darrov javob qaytarmadi. Zelixonning nazarida u nimadandir choʻchiyotganday edi.
— Yoʻq boʻlsalar mayli, rahmatimni yetkazib qoʻyarsiz. Yana aytingki, Ismoilbey ogʻam olamdan oʻtdilar. Kecha koʻmdik. Ahadbeylarni bugun samolyotga oʻtqazib olib ketishdi. Joylashib olishganidan soʻng sizlarga xat yozishadi. Ungacha uylaridan xabardor boʻlib turarsiz... Xabar oladigan uy ham qolmabdi...
— Toʻxtang, u kishim uydalar, dam olayotuvdilar,— ayol shunday deb, shoshilganicha uyga kirdi. Dam oʻtmay boshini oq belbogʻ bilan bogʻlagan Yigitali koʻrindi. Zelixon uning oʻng koʻzi atrofi koʻkarib qolganidan ajablandi. Nazarida burni ham shishganday edi.
— Boshga tushganni koʻz koʻrar ekan,— dedi Yigitali, xuddi Zelixon uni ayblaganu endi oʻzini oqlash lozim boʻlganday.— Yemagan somsaga pul toʻlab keldim. Sizlar bilan xayrlashganimdan beri uyga endigina yetib keldim.

Yigitali shu koʻcha boshida soqchilar toʻxtatishganini, tunni tor qamoqxonada oʻtkazganini aytib berdi.
— Shu paytgacha birov «nima uchun yoningda pichoq olib yuribsan?» demovdi. Qarang-a, shu ham qurol hisoblanarkan. Boshimga balo boʻldi-da. Avval bir nomard yigitning qoʻliga tushib qoldim. «Boʻyningga olasan, sheriklaringni ham aytasan», deb turib oldi. «Endi oʻldim, shu qamoqda chiriyman» deb oʻyladim. Yoʻq, Xudoning rahmi keldi. U nomarddan mana bu,— Yigitali koʻz ostini silab qoʻydi,— esdalik boʻlib qoldi. Oʻrniga bir insoflisi soʻroq qildi. Baxtimga mahalladan yoʻqlab borishdi, baraka topishsin. Avtobusda adirga borib kelganim ham baxtimdan boʻlgan ekan, buni qarang-ki avtobus noʻmerini eslab qolgan ekanman. Shopir yigitni bugun erta-mattan topib kelishdi. Shundan keyin chiqarishdi, deng. Shunda ham tilxat yozdirib olishdi.
— Qanaqa tilxat? — deb soʻradi Zelixon.
— Beruxsat hech qayoqqa chiqmayman, deb tilxat berdim. Shu yoshga chiqib, borgan yerim bu yogʻi Margʻilon, bu yogʻi Fargʻona boʻldi. Qoʻqon bilan Toshkanni televizorda koʻrganman, endi qayoqqa borardim?

Yigitali soddaligiga borib, tuhmat balosidan butunlay qutuldim, deb oʻylayotgan edi. Bu sohani ipidan-ignasigacha yaxshi biluvchi Zelixon esa doʻppi tor kelib qolib, aybdorlar topilmasa, yana Yigitaliga yopishishlari mumkinligini his etdi. Shu sababli suhbatlasha turib, u yon-atrofda yashagan turklarning ism-shariflarini soʻrab-bilib oldi. Yigitali Zelixon nima uchun sinchkov boʻlib qoldi, deb oʻylab ham oʻtirmadi. U oradan bir oy oʻtib, Ahadbey va boshqa qoʻshnilar nomidan yozilgan minnatdorlik maktubini oladi. Xuddi shunday maktub obkomga ham kelib, matbuotda e’lon qilinadi. Yigitali bu maktublar Zelixon qoʻli bilan yozilib, Kavkazdan joʻnatilganini bilmaydi. Oradan ikki yarim oy oʻtib, yana turmaga tushay deganida shu maktub joniga ora kirgandagina Zelixon bilan boʻlgan soʻnggi suhbat yodiga tushadi...

2

Zelixon oxirgi samolyot bilan qaytdi. Toʻgʻri Elchinnikiga kirib, u bilan xayrlashmoqchi, ertalabki reys bilan Adlerga uchib ketmoqchi edi. Elchinning yolgʻiz shumshayib oʻtirganini koʻrib, ketishga shoshilmadi. Boʻlib oʻtgan voqealarni eshitgach, boshi qotdi.
— Oʻqilonning hiylasiga tan bermasdan boshqa iloj yoʻq,— dedi Zelixon,— buni avval boshdan hisobga olishimiz kerak edi. Oddiy masalaga aqlimiz yetmabdi. Ahmoq odam bu darajaga koʻtarilmaydi, toʻgʻrimi? Sen bilan men uni ahmoq qilmoqchi boʻlibmiz. Endi sen bu yerlardan ketishing kerak.
— Nima uchun?
— Endi Zaynab senga xotin boʻlmaydi. Tugʻib berganida Asadbekning soyasida rohat qilib yashayverarding. Zaynab sen bilan yashamasa, Asadbekka keraging yoʻq. Jamshidning oʻlimini sendan koʻrayotgan boʻlsa, endi tinch qoʻymaydi. Bugun boʻlmasa ertaga oʻldiradi seni. Lash-lushlaringni yigʻishtiru men bilan birga ket.
— Siz qayoqqa ketmoqchisiz?
— Hozircha Adlerga. Keyin oʻylab koʻraman. Balki ota yurtimga borarman. Balki Sochida dam olarman. Xoʻp, de, men bilan birga ketaver.
— Oʻylab koʻray... Shu turishimizda hozir ohanraboning ikki qutbiga oʻxshab qolibmiz. Sizni qon ota yurtga tortyapti, men esam ota yurtni tashlab chiqib ketishim kerak.
— Safsatangni qoʻy. Ota yurtimning «Zelixon qachon kelarkin?» deb koʻzi uchib turgani yoʻq. Meni Quvasoyda yoki Fargʻonada koʻrgan boʻlishlari mumkin. Anavi xunasa Selim esingdami, shular yolgʻon guvohlik ham berib yuborishdan toymaydilar. Gʻalvalardan chetroqda yura turay. Keyinroq qaytib kelaman. Sen ham, men ham ogʻayni, bu dunyoga oʻlim bilan berkinmachoq oʻynagani kelganmiz. Oʻlim toʻr tashlaydi, biz esa chap beramiz, oʻlim yoʻllarimizga qopqon qoʻyadi, biz esa ziyraklik qilib sakrab oʻtib ketamiz. Ogʻzimizni ochib lalaydikmi, tamom!

Zelixon shunday deb soatiga qaradi:
— Televizorni qoʻy, «Vremya»ni koʻraylik-chi?

Bir necha daqiqadan soʻng Fargʻonadagi fojialar haqida xabar berila boshladi. Muxbir jangarilar tushgan katta yuk mashinasi Qoʻqon sari katta tezlikda borayotganini xavotir bilan bayon qilar edi. Vertolyotdan turib olingan tasvirda kaltaklar bilan «qurollangan» yigitlar koʻrindi. Muxbir ularning giyohvand ekanliklarini qayta-qayta ta’kidladi.
— Voy galvarslar! — Zelixon shunday deb tizzasiga urdi-da, oʻrnidan turib ketdi.— Eshityapsanmi? Giyohvandlar ekan?! Toʻgʻri, nasha chekib, balki ustidan aroq ham ichib olishgandir bu xumsalar! Qarab tur, ular Qoʻqonga eson-omon yetib olishadi. Keyin oʻsha yerda toʻpolon boshlashadi.
— Nega jahlingiz chiqyapti, yolgʻon gapiryaptimi?
— Rost gapiryapti! Lekin bu xumsalarni nima uchun toʻxtatishmayapti?! Qara, tepadan vertolyot bilan kuzatib borishyapti. Vertolyotni pastlatsin, bolalarning kayfi uchib qochib qolishadi. Yoʻlga bittagina traktorni koʻndalang qoʻysin, qayoqqa oʻtishadi bular? Sen bankni urib shu yoʻldan qochgin, qancha yurishga ulgurarkinsan? Yoʻ-oʻq, kimgadir kerak bu. Kimdir shu bolalarning Qoʻqonga yetib borishini istayapti. Oʻlim toʻrini yoyib turibdi bularga, bular esa nodon qushga oʻxshab oʻzlarini toʻgʻri shu toʻrga urishadi. Bular toʻrga chap berishni bilishmaydi.

Zelixon shunday deb televizorga yaqinlashdi-da, mushtladi. Tasvirdagi mashina bir sapchidi-yu, soʻng yoʻlida davom etaverdi.
— Siz birovlardan gumon qilyapsiz. Kim qiladi bu ishlarni? Qirgʻin kimga kerak?
— Agar siyosatchi boʻlganimda kallamni ishlatib, senga aniq javob berardim. Men oddiygina oʻgʻriman. Hamisha gumonda yurish mening kasbim. Birovga ishongan kunim men tamom boʻlaman. Bir odamdan eshitganman — siyosatni fohishaga oʻxshatgan. Siyosat birovga vafo qiladigan narsa emas ekan. Shuning uchun ham savollaringga hech kim, hech qachon javob bera olmaydi.

Zelixon bu kech isitilgan kabobdan ozgina yeb, toʻyib aroq ichdi. Ertalab Elchindan ikki ming soʻm qarz oldi-da, Adlerga uchib ketdi.

VIII bob

1

Zelixon televizorni jahl bilan mushtlagan mahalda Asadbek oʻz uyida a’yonlari qurshovida oʻtirar edi. U ham muxbirning gaplaridan gʻijinib, soʻkindi. Kesakpolvon e’tiborsiz holda, Chuvrindi esa jagʻini mushtiga tirab, diqqat bilan quloq tutardi. Muxbirning soʻzlari tugab, Maskovdagi Oliy kengash sessiyasi ulandi. Fargʻonaga kelib ketgan rahbar deputatlar talabi bilan soʻzga chiqib tushuntirish bera boshladi. «Janjal qulupnoydan chiqdi», deb ishontirmoqchi boʻlganida Asadbek uning yetti pushtini oʻqib tashladi.
— Mahmud,— dedi u,— hozir shu televizorni qancha odam koʻrib turibdi?
— Bir-ikki yuz million bordir? — deb javob berdi Chuvrindi, diqqatini boʻlmagan holda.
— Bir oʻzi shuncha odamni ahmoq qila olaman, deb oʻylayaptimi?
— Gapiga ishonmayapsanmi? — dedi Kesakpolvon suhbatga qoʻshilib.
— Sen ishondingmi?
— Ishondim nimayu ishonmadim nima?
— Ha senga baribir. Sen ishqi yoʻq eshak, dardi yoʻq kesaksan.
— Sal pastroq tush,— dedi Kesakpolvon sal ranjigannamo ohangda.
— Pastga tushsam, tushmasam, shunaqasan. Kecha deputatga qoʻshib seni joʻnatsam boʻlarkan.
— Qayoqqa?
— Fargʻonaga?
— Ketdimi? — dedi Chuvrindi, televizordan koʻz uzib.
— Oʻchirib qoʻya qol,— dedi Asadbek. Chuvrindi buyruqni bajargach, kechagi voqeani aytib berdi: — Kechga yaqin telefon qilib qoldi. «Aka, ahvol chatoq, men bilan Fargʻonaga borib kelmasangiz boʻlmaydi», deydi hovliqib. «Nima gap?» desam, «yoʻlda tushuntirib beraman, aeroportga kelavering», deydi. Ahmoq boʻlib boribman. «Siz u tomonlarda koʻp odamlarni taniysiz. Meni oʻsha yerdan saylashgan boʻlsa ham hech kimni tanimayman, yonimda yuring», deydi. Qip-qizil ahmoq, oʻsha deputating. Onasini uchqoʻrgʻondan koʻrsatmoqchi boʻldimu, joyi emas, dedim.
— Men tupurgan tupugimni qaytib ogʻzimga olmayman,— dedi Asadbek.
— Oʻjarlik qilma, burniga suv kirgandir.
— Mahmud, sen aniqlab koʻr, nima uchun tushum kamayibdi?
— Aniqlashning hojati yoʻq,— dedi Chuvrindi xotirjam ohangda.— Haydar akam toʻgʻri gapiryaptilar. U zavodni eplay olmaydi. Qurugʻidan tortishga berilib ketibdi. Xonasiga kirgan odam darrov biladi. Yana tortmayman, deb tonadi. Yeydiganini yedi.
— Doʻxtirga koʻrsat, devdim-ku?
— Olib bordim. Doʻxtir bir iloj qilamiz, dedi. Lekin doʻxtirdan dorini olib chiqib, bu yoqda yashirincha tortib yuraverishi ham mumkin. Irodasi boʻsh uning. Agar xoʻp, desangiz bir taklif bor.
— Aytaver.
— Qilichni chiqartirish kerak. Lekin uni oʻrniga qoʻyib boʻlmaydi.
— Nega? — dedi Kesakpolvon ajablanib.
— Negaki, oʻtirib chiqdi, degan nomi bor. Yana partiyadan oʻchirib qoʻyishgan. Joyiga qoʻymoqchi boʻlsak, yuqoridagilar xitlanishadi. Tiklanib olgunicha Sharifga yordamchiday boʻlib tursin, ammo hamma ishni oʻz qoʻliga olsin.

Asadbekka bu taklif ma’qul boʻlsa ham «Oʻylab koʻray», dedi.
— Koʻp oʻylama,— dedi Kesakpolvon.— Zavodga xaridor chiqib turibdi. Ogʻzingdagi luqmani oldirib qoʻymagin tagʻin.
— Kim ekan oʻsha xaridor? — dedi Asadbek jerkib.
— Begona emas, ukang Hosil-da. Bir joyda «vinzavod bizga ham nasib etib qolar» deganday gap qilibdi.
— Tushini suvga aytsin,— dedi Asadbek.— Vinzavodga yaqinlashadigan odam hali otasining belida yuribdi.

Bu gapdan keyin Kesakpolvon bilan Chuvrindi ma’nodor ravishda koʻz urishtirib olishdi. Ular tashvish buluti Asadbek boshi uzra hamon koʻlanka tashlab turgani uchun uning jigʻiga tegadigan gaplardan oʻzlarini tiyayotgan edilar. Vinzavod taqdiri ertaga qoldirilmay shu bugunoq hal etiladigan masalalar toifasidan boʻlgani uchun Kesakpolvon ehtiyotlik bilan shama’ qilib qoʻygan edi.

Garchi Asadbek katta ketgan boʻlsa ham, ayoʻnlarining tashvishi bekor emasligini fahm etdi.

2

Manzura hali ham kasalxonada boʻlgani uchun oshxona boloxonadagi yigitlar ixtiyoriga berilgan edi. Ular ovqatlanib boʻlishgach, xizmatdagi yigit dasturxonni yigʻib oldi.
— Haligi gapni domlangdan soʻradingmi? — dedi Asadbek Chuvrindiga qarab.
— Soʻradim,— dedi Chuvrindi, choyni qaytara turib.— Koʻngillari nima istasa shuni qilsinlar, kichikroq xudoyi boʻlsa xudoyi, kattaroq osh bergilari kelayotgan boʻlsa, unga ham yoʻl bor, beraversinlar, dedi.
— Ha, xudoyi qilmoqchimisan? — deb soʻradi Kesakpolvon Asadbekdan.
— Shunga boshim qotib turibdi. Bir nima qilish kerak-ku? Anavi kuni, Jalildan soʻrovdim. Osh-posh bersammi, desam bobilladi. «Nevarang oʻlik tugʻilganiga quvonib osh berasanmi?» deydi. Shunga hayron boʻlib Mahmudga «domlangdan soʻrab koʻr» devdim. Domla bunaqa deb turibdi.
— Domlaning aytganini qilasiz-da, Jalil aka domla emas-ku?
— Domla emas, toʻgʻri, lekin odamlar ichida koʻp yuradi, past-balandni biladi. Sobitxon qorining etagidan ushlab yuradi, u-bu gaplarni eshitib oʻrgangan.
— Bunaqa gaplarni men ham uncha yaxshi bilmayman. Lekin menga qolsa hech nima qilmaganing durust.
— Nega?
— Masjid qurdiryapsan, shuning oʻzi yetadi. Xudoyi boʻlsa, shunchalik boʻladi-da. Domlalarning gaplariga uchaverma. Ob-havoga oʻxshab gaplari ham oʻzgarib turadi. Xudoyiga borib, osh-ovqatni yeb, ketishida yana choʻntakka koʻz tikib turadigan domlangni men sariq chaqaga ham olmayman.
— Unaqa demang, Haydar aka, ular bersangiz olishadi, bermasangiz ham duo qilib, indamay ketishadi.
— Yonini olma ularni. Bek xudoyi qilsa, oʻntasi kelib qoʻl qovushtirib turadi. Jalil qilsin-chi, oʻntasi oʻnta bahona qiladi. Otarchi nimayu ular nima?
— Unchalik emas, Haydar aka, yaxshi bilmasangiz gapirmang.
— Xoʻp, men yaxshi bilmayman. Lekin shunda ham sen bilan garov oʻynayman. Sen kattaroq narsangni tik. Bek, sen xudoyi qil, oʻsha kuni, oʻsha soatga bitta kambagʻal nomidan domlani ayttiraman. Keyin sen ayttirasan. Qani, kimnikiga kelarkin?

Agar boloxonadagi yigit tushib, bir odam yoʻqlayotganini aytmaganida ularning bahsi yana picha choʻzilishi mumkin edi.
— Kim ekan? — dedi Kesakpolvon, ensasi qotib.
— Sobitxon qori nomidan kelganmish.
— Obbo,— dedi Kesakpolvon,— Hizrni yoʻqlayotgan ekansan-da?
— Chaqir, kirsin,— dedi Asadbek.

Dam oʻtmay oʻrta boʻyli, istarasi issiq, bejirim moʻylabli bir yigit kirib, qiroat bilan salom berdi. Asadbek salomga alik olib roʻparasidan joy koʻrsatdi-da:
— Qalay, qori yaxshi yuribdilarmi? — deb soʻradi.
— Xudoga shukr, duo deb yubordilar. Qorim... ahvollari picha ogʻir.
— Nima boʻldi?
— Yaralanganlar.
— Yaralanganlar? Nimaga yaralanadi?
— Qoʻqondagi voqealarni eshitgandirsizlar?
— Chala-chulpa eshitdik.
— U yerda ham qulupnaydan janjal chiqdimi? — dedi Kesakpolvon kesatiq ohangida.

Yigit gazetaga oʻrogʻliq narsani uzatdi:
— Xohlasangiz koʻring.

Mahmud gazetani ochib, videokassetani oldi-da, savol nazari bilan Asadbekka qaradi. Asadbek «qoʻyaver» degan ishora qilgach, videomagnitofonni uladi. Teleekran pirpirab turib, soʻng Qoʻqon manzarasi koʻrindi: odamlar oqimi markazga shoshiladi... markazda, mashinalar aylana yasab oʻtadigan yoʻllarda odamlar tirband. Bolalar qiziqib, daraxtlarga chiqib olishgan... Osoyishta olomon birdan toʻzidi...
— Ayamay oʻq uzishdi,— deb izoh berdi yigit.— Bolalar oʻldi, kattalar oʻldi... Qorim ham shu yerda edilar.
— Shuncha odam nimaga toʻplandi oʻzi? — deb soʻradi Kesakpolvon.
— Miting boʻlishi kerak edi.
— Qori qaerda, kasalxonadami? — deb soʻradi Asadbek yigitdan.
— Ha, yotibdilar. Sizni esladilar. Sizni koʻrmoqchilar.
— Meni? — Asadbek ajablandi.— Ishi bor ekanmi?
— Gaplari bor shekilli,— yigit shunday deb ketishga ruxsat soʻradi.— Men bu kassetani deputatlarga koʻrsatishim kerak. Shuni deb dovon oshib keldim. Bugun buni topshirsam, ertaga saharlab, Xudo xohlasa, qaytaman. Qorimga nima deb qoʻyay?
— Oʻylab koʻraman.
— Imkon topilsa boradilar,— deb izoh berdi Chuvrindi.

Bu izohdan koʻngli xotirjam boʻlgan yigit xayrlashib chiqdi.
— Esing joyidami? — dedi Kesakpolvon, mehmon chiqib ketgach.— Nima deding? Bilib gapirdingmi?
— Nima debman?
— Hozir borib boʻlarkanmi oʻsha yoqqa? Koʻrdingmi nima boʻlganini? Bek, sen oʻylab ham oʻtirma, bormaysan!
— Bir narsaga hayronman, Qori nima uchun meni eslab qoldi?

3

Ayrim ishlar mulohazaning intihosi oʻlaroq amalga oshiriladi, ayrimlari esa koʻngil hukmi bilan boʻladi. Koʻp hollarda koʻngil hukmi mulohazadan ustun turadi. Asadbekning Qoʻqonga borishi masalasi ham koʻngil hukmi asosida hal etildi. Vaziyatning ogʻirligi, bormoqlik — jonni xatarga qoʻymoqlik ila barobar ekanini bilsa ham, Kesakpolvon «borma!» deb vaysab tursa ham yoʻlga otlandi. «Ertalab yoʻlga chiqib, shomgacha borib qaytamiz», dedi u. Asadbek bir qarorga kelgach, a’yonlar ojiz qoladilar. Bu safar ham shunday boʻldi — Asadbek erta tongda Chuvrindi hamrohligida yoʻlga chiqdi. Jamshidning oʻrniga tavsiya etilgan yana ikki yigit Asadbekning koʻngliga oʻtirmagani uchun Chuvrindining oʻzi unga hamroh boʻldi. Dovondan oshgunlariga qadar erkin qushdek edilar. Qoʻqonga yaqinlashganlari sayin mashinani tez-tez toʻxtatishga toʻgʻri keldi. Mashina obdan tekshirilgach, soqchiboshiga «oʻlim toʻshagidagi qarindoshlarini koʻrgani ketayotganlarini» tushuntirishga majbur boʻlishardi. Ular peshinga yaqin kasalxonani topib bordilar.
— Sen doʻxtirlar bilan gaplash,— dedi Asadbek Chuvrindiga,— kasali nima, shu yerda tuzatsa boʻladimi yo boshqa yoqqa olib borish kerakmi?

Chuvrindi buyruqqa itoat etib, tabiblar xonasi tomon yurdi. Asadbek esa Sobitxon yotgan xona eshigini ochdi. Uch kishilik xona toʻrida, deraza yonida Sobitxon shipga koʻz tikib chalqancha yotar, ikki karavot esa boʻsh edi. U Asadbekni ovozidan tanib, boshini burdi.
— Ha, Qori, tuzukmisiz? — dedi Asadbek, salomlashgach.
— Xudoga shukr,— dedi Sobitxon xasta ovozda.— Men sizni urintirganimdan hijolatdaman. Aslida uzrimni oʻsha siz koʻrgan birodarim orqali aytib yuborsam ham boʻlardi, ammo uzrimni az taxi dil qabul etdingizmi yo yoʻqmi, oʻz qulogʻim bilan eshitay dedim.
— Qanaqa uzr?
— Men sizni ranjitgan edim. Moshinamning yoʻqolishida sizni gumon qilib edim. Men ham Ollohning gunohkor quliman-da, bu dunyo moli uchun sizga tuhmat qilibman.
— E, Qorijon, shuni oʻylab yuribsizmi, kuyinmang, bunaqa gaplarga oʻrganib ketganman. Men gumonlaru mish-mishlar orasida yashaydigan odamman, sizdan xafa emasman. Men haqimda mish-mish chiqmay qolsa bir narsamni yoʻqotganday gangiydigan boʻlib qolganman.

Gapning bu zaylda hazilga burilishi Sobitxonga ta’sir etmadi. U koʻzlarini ma’yus tikkan holda:
— Mendan rozi boʻling, Bek aka,— dedi.
— E Qorijon, nima deyapsan, yosh odam, darrov...
— Gap yoshda emas. Kimdan qachon omonatini soʻramoq Ollohning oʻzigagina ma’lum. Rozilik faqat jon halqumga kelgandagina soʻralmaydi. Moʻ’min aybini tushunib yetgani hamon birodaridan rozilik soʻrashi kerak. Men sizning oldingizda aybdor ekanman, to siz rozi boʻlmaguningizcha Olloh mening bu gunohimni kechira olmaydi. Rozilik shuning uchun soʻraladi. Rozi boʻling, Bek aka.

Asadbek hech ikkilanmasdan «Roziman» deyishga tayyor edi. Aytishga ogʻiz juftladi ham, ammo ana shu oddiygina soʻz tilidan uchishga qiynaldi. Nazarida shu soʻzni aytishi bilan, yuzidan nur yogʻilib turgan bu odam jon beradiganday edi.
— Bek aka, oʻylanib qoldingiz, rozi emasmisiz?

Xavotirli bu savoldan soʻng soʻz beixtiyor uchdi:
— Roziman, Qorijon, roziman. Sizdan xafa emasman. Toʻgʻri, oʻshanda sal jahlim chiqqan, shuning uchun sizga qattiq gapirib yuborganman. Lekin koʻnglimda kir saqlab qolmaganman.
— Qattiq gaplaringizdan men ham xafa emasman. Sizdan roziman,— Sobitxon shunday deb chuqur nafas oldi.— Ollohning qudratini qarang, vujudim birdan yengillashdi. Biz gʻofil bandalarmiz-da. Birimiz bu dunyoni sevib yashaymiz. Birimiz jirkanib yashaymiz. Men Olloh bergan shu bir tutam umrimda dunyodan jirkanib yashadim, shunisiga quvonaman.
— Jirkanib? — Asadbek Sobitxonning gapiga tushunmadi.— Nimaga jirkanib yashaysiz?
— Gapimni boshqacharoq angladingiz chogʻi? Bu dunyoni sevmoq — oxiratni unutmoq degani. Bu dunyo hayoti, hoyu havaslar bir soya kabidir. Bilasiz, soya birdaniga gʻoyib boʻlib, kishini gʻaflatda qoldiradi. Hazrat Ali, raziyallahu anhu, der ekanlarki, dunyo hayoti bilan oxirat hayoti bir erkakning ayni bir vaqtda nikohida boʻlgan ikki xotin kabidur, biri mamnun boʻlsa, ikkinchisi kuyaveradi. Bir kuni Muoviyaning, Olloh undan rozi boʻlsin, huzuriga ikki yuz yil umr koʻrgan bir odam kelibdi. Muoviya «Shuncha yil yashabsan, dunyo hayoti nazaringda qanday koʻrindi?» deb soʻraganida u kishi «Baloli yillar, farovon yillar... Kun oʻtadi, tun oʻtadi. Tuqqan tugʻadi, oʻlgan oʻladi. Tuqqan tugʻmasaydi — mavjudot tugardi. Oʻlgan oʻlmasaydi — yer yuzi undagilarga tor boʻlib qolardi», debdi. Muoviya «Tila tilagingni», debdi. U kishi «Oʻtgan umrimni orqaga qaytar yoki yaqinlashib kelayotgan ajalimni daf et!» deb soʻrabdi. Muoviya «Mening bunga qudratim yetmaydir», debdi. Shunda u kishi «Unday boʻlsa mening sendan tilagim yoʻq», degan ekan.[4] Ana shunaqa...— Sobitxon shunday deb tin oldi. Badanida ogʻriq qoʻzgʻoldimi, koʻzlarini yumdi. Bir necha nafasdan soʻng koʻzlarini ochib, Asadbekka qaradi.— Shunaqa, Bek aka. Umr iziga qaytmaydi, ajalni ham daf etib boʻlmaydi. Chaqaloqligimizda quloq ostida chaqirilgan azon tovushi bilan oʻqilajak janoza namozi orasida bir tutamgina umrimiz bor. Ya ayyuhannasu inna va’dallohi haqqun fala tagʻrurrannakum-ulhayatud-dunya va la yagʻurranakum billohim-gʻurur[5]. Qarang, Bek aka, «Sizlarni dunyo hayoti aldab qoʻymasin», deb kim aytyapti? Dunyoni yaratgan aytyapti. Dunyo hayotini uni yaratgandan ham yaxshiroq biluvchi boshqa zot boʻlishi mumkinmi? Yoʻq... Zinhor yoʻq,— Sobitxon yana bir oz koʻzini yumib, soʻng ochdi.— Yaxshilab oʻylab qaralsa, bu dunyo hayotidan tubanroq narsa yoʻq. Dunyoni yiqilishga yuz tutgan devorga ham oʻxshatishadi. Devorning yiqilajagini bilgan holda unga suyanamiz, a? Dunyo hayotini sirpanchiqqa ham oʻxshatadi. Bu sirpanchiqda hech kimning oyogʻi sobit turolmaydi... sirpanib yashaymiz... Keyin esa... soʻnggi ziyoratgohga qarab joʻnaymiz. Soʻnggi ziyoratgohimiz — qabr. Bu ziyoratgohni hech eslamaymiz, eslagimiz ham kelmaydi. Ajalni unutishda bir-birimizni ortda qoldirib ketganmiz. Ajal yoshga qaramaydi: yosh ekan, yana picha yashasin, demaydi. Amalga ham qaramaydi: amaldor ekan, tegmay turaylik, picha ayshini sursin, demaydi. Boyligiga ham qaramaydi: toʻplagan shuncha boyligini tashlab ketaveradimi, toʻxta, boyligini sarflab olsin, demaydi. Vaqti-soati yetdimi, tamom. Avval «falonchi kasal ekan», deyishadi. Keyin «dardi ogʻirlashibdi», deydilar. Soʻng «vasiyat qilganmish, rozi-rizolik tilaganmish, deydilar. Nihoyat, «omonatini topshiribdi, Xudo rahmat qilsin», deb duo qiladilar. Soʻnggi duo shunday boʻlsa Yaratganga shukrlar qilamiz-a. «Ie, oʻsha oʻlibdimi, yaxshi boʻlibdi, qutulibmiz», deyishlikdan Oʻzi asrasin. Xullas, keyin yogʻoch otga mindiradilar. Qabrga eltadilar. Koʻmadilar. Kim oh deydi, kim dod deydi, kim jimgina xoʻrsinadi. Oʻsha falonchi esa boshini guvalaga qoʻyib jimgina yotaveradi, umr boʻyi toʻplagan boyligi esa bu dunyoda qolaveradi. Boyning boshiga par yostiq, kambagʻalnikiga tosh qoʻyilganini hech eshitganmisiz? Boylikni olib ketish imkoni boʻlganida edi Olloh taborak va taolo bandalariga murojaat qilib, «dunyoga aldanmanglar», demas edi. Mayyitni qoʻyib, jamoat tarqalgach, Munkar va Nakir soʻroqni boshlaydi. Kambagʻal yotgan lahadga gurzini koʻtarib bostirib kirib, amaldordan «kechirasiz, vaqtingiz bormi, bugun qabul qila olasizmi?» deb soʻrab oʻtirmaydi. Barchaning qismati bir... Ana shunaqa... — Sobitxon gapirib charchadi. Chuqur-chuqur nafas oldi. — Bek aka, yana «menga aql oʻrgatyapti», demang. Xayolimga toʻsatdan kelib qolgan gaplarni aytdim. Bek akam kelib qolsalar aytarman, deb atayin tayyorlamovdim bu gaplarni. Ahli muslimning vazifasi bir-biriga da’vat qilish. Siz masjid qurdiryapsiz. Men oʻshanda nooʻrin gap aytib edim. Topgan pulingizning harom-hallolligini ajrim qilish huquqi menga berilmagan. Bu Ollohning oʻzigina biladurgan narsa. Qanday topishingizdan qat’iy nazar, uni foydali ishga sarfladingiz, buni inkor etib boʻlmas. Siz bu pullarni fahsh ishlarga sarflab yuborsangiz ham boʻlardi. Olloh dilingiz qulfini oʻzi ochsin.

«Aytadiganini aytib olsin», deb jimgina tinglayotgan Asadbekka bu gap malol keldi:
— Dilingiz qulfini? Dilim qulflogʻlik ekanmi?
— Achchigʻingiz chiqmasin, Bek aka. Zinoni, zulmni, harom ishlarni tark etmagan odam chin muslim boʻla olmaydi. Men sizni mana bu yoʻldan yuring, deb zoʻrlamayman, menda bunday huquq yoʻq, Mening vazifam— aytib qoʻyish. Bek aka, ochigʻini aytsam, kelishingizga ishonmagan edim.
— Men ham ochigʻini aytay: dastlab oyogʻim tortmadi. Lekin koʻnglimda bir istak uygʻondi.
— Bu Ollohning qudrati-da! Bizni uchrashtirishni lozim topibdi, oʻziga shukr. Birodarimiz tasvirni koʻrsatdilarmi?
— Ha, koʻrsatdi.
— Bu holga nima deysiz? Dahshatmi?
— Ha, dahshat... ammo nima deyishga hayronman.
— Sizdayin aql egalari, kuch egalari hayron boʻlib tursa... Odamlar qoʻzgʻolishdi. Erkka boshlash fursati yetmadimi ekan?

Asadbek bu savolga darrov javob bera olmadi. Shunga oʻxshash gaplarni u avvalroq deputat Orzubek Boltaevdan ham eshitgan edi. Asadbek, garchi shunday deguvchilarga hayrixoh boʻlsa-da, oʻzining qalbida, ruhida bu tuygʻu yoʻq darajada edi. Bunday tuygʻu bir-ikki odamning da’vati bilan uygʻona qolmaydi. Aniqsa yosh oʻtib qolgandan soʻng vatanparvarga aylanish qiyin, juda qiyin. Sobitxon Asadbekka oʻxshaganlar birlashib, odamlarni ergashtirishi mumkin, deb oʻylab xato qilgan edi. Asadbeklar tor bir xum ichida ulgʻayishganini, ularning dunyoqarashlari ham, tuygʻulari ham shu xum qadar ekanini anglay olmagan edi. Asadbek masjid qurdirib, oʻzi namoz oʻqimagani kabi, shu Vatanda yashab, vatan tuygʻusidan benasib edi. U vinzavodni qoʻldan chiqarmaslik uchun jon fido qilar darajada olishmogʻi mumkin, ammo «yurt erki uchun jon fido qila olasanmi?» degan savolga «nima uchun men fido boʻlishim kerak ekan?» deb javob berishi ham ehtimoldan uzoq emas. Shu sababga koʻra Sobitxon savoliga darrov javob qaytarmadi. Alhol u «Hozirgina oxiratni gapirib alahsirayotgan bu qori nima uchun gapni siyosatga burdi?» deb ajablandi.

Sobitxon undan javob kutib toliqdi. Koʻzlarini yumdi-da:
— Qani edi, bir mard chiqib «Oʻzbekiston oʻziga mustaqildir, Oʻzbekiston hech kimga boʻysunmaydir!» deb jar solsa. Shu xitobni eshitib ketsam armonim qolmas edi, — dedi.
— Qorijon, doʻxtirlar bilan gaplashib, olib ketaymi?
— Qulluq, Bek aka. Shu gapingizning oʻziyoq menga jon berganday boʻldi. Dardni olloh berdi, shifosini ham oʻzi beradi, inshoolloh. Shifoni shu yerda beradimi, boshqa yerdami, farqi yoʻq.

Asadbek yana bir oz suhbatlashib oʻtirib, soʻng xayrlashdi. Chuvrindi uni dahlizda kutib turgan edi. Yoʻl-yoʻlakay hisob berdi:
— Yarasi ogʻir ekan, hozircha qimirlatmaslik kerak, deyishdi. Joni omon qolsa ham, oyoqlari ishdan chiqishi mumkin ekan.
— Yaxshi, keyinroq olib ketamiz. Bunaqa odamlar oʻlmasligi kerak. Sen... kirib doʻxtirni rozi qilib chiq, yaxshiroq qarasin.

Qoʻqondan chiqqunlaricha xuddi suhbatlarini birov poylab, eshitib qoladiganday jim ketishdi. Soʻnggi tekshiruvdan oʻtishgach, Chuvrindi:
— Nimaga chaqirtirgan ekan? — deb soʻradi.
— Moshinasini oʻgʻirlatganida bir-ikkita sassiq gap aytuvdi, esingdami? Shunga rozi-rizolik soʻradi.
— Rozi-rizolik? Nima, ahvoli shunaqa ogʻirmi?
— Buni sen bilasan, doʻxtir bilan sen gaplashding.
— Doʻxtir yaqin orada oʻladi, degani yoʻq.
— Bilib boʻlmaydi, doʻxtir sezmagan narsani koʻngil sezadi. Lekin tili zahar boʻlsa ham dili toza, yaxshi odam. Domlalar orasida faqat shuni yoqtiraman. Lekin koʻp gaplariga, ishlariga tushunmayman. Mana shu mitingga burnini tiqib nima qilardi? Yetishmovchilik joyi boʻlmasa, obroʻsi baland, topar-tutari ham yomonmasdir. Ibodatingni qilib yuravermaysanmi?..
— Hozir xalqparvar boʻlish — moʻda. Kim bilan gaplashsang «xalqim», «xalqim» deydi.
— Oʻshalarning yarmisi «xalqim» emas, yaxshilab quloq solsang «xalqum» deydi.
— Bu gapingiz ham toʻgʻri, — dedi kulib Chuvrindi.
— Qorining yana bir gapiga tushunmadim: u ham meni bu gʻalvalarga aralashishimni istayapti shekilli. Hayronman, men aralashganim bilan nima oʻzgaradi? Mahmud, ular meni kim deb oʻylashadi oʻzi? Odamlarning yarmi meni oʻgʻri, muttaham, kallakesar, yarmi esa qoʻlida million askari bor marshal Jukov deb oʻylaydi shekilli, a?
— Parvo qilmang, odamlar oʻylayverishadi. Biz chayqalib turgan dengizdagi tomchilarmiz, bahaybat toʻlqinlarni toʻxtatish, dengizni tinchlantirish qoʻlimizdan kelmaydi.

Shaharga shom qorongʻisida kirib borishdi. Asadbekning xayoli yoʻl boʻyi Sobitxonning gaplari bilan band boʻldi. Qancha oʻylamasin, qorining asl muddaosini anglab yetmadi. Muddao unchalik murakkab emas edi: Sobitxon odamlarning qoʻzgʻalganini koʻrib, ularga boshchilik qila oladigan Dukchi eshon, Namozdek yoki Madaminbekdek bir dovyurak oʻgʻlonning maydonga chiqishini umid qilgandi. Bu zotlarning jon fido etmakka ham rozi qilgan tuygʻularning Asadbekda yoʻq ekanini u bechora qaydan bilsin?

Avvalgi
I- qism
 



  1. Ma’nosi budir: Bu kun Biz ularning ogʻizlarini muhrlab qoʻyurmiz va bizga ularning qilib yurgan ishlari haqida ularning qoʻllari soʻzlar va oyoqlari guvohlik berur. («Yosin» surasining oltmish beshinchi oyati. Alouddin Mansur tarjimasi.
  2. Ma’nosi budir: Kimiki oʻz nafsini xor tutsa, Xudo uning qadrini oshiradi. Kimiki oʻz nafsini izzat qilsa, Xudo bandalar oldida uni xor qiladi.
  3. Mazmun budir: Bu dunyo u dunyoning polizi.
  4. Bu hikmatlar imom Gʻazzoliyning «Mukoshafatul qulub» («Qalblarning kashfiyoti») asaridandir. (Miraziz A’zam oʻzbekchalashtirgan.)
  5. Mazmun budir: Ey insonlar, albatta Ollohning (qayta tiriltirish va bu dunyoda qilib oʻtilgan yaxshi-yomon amallarning mukofoti jazosini berish toʻgʻrisidagi) va’dasi (va’dadir). Bas, xargiz sizlarni dunyo hayoti aldab qoʻymasin! Va hargiz sizlarni, Olloh (barcha gunohlarni kechirib yuboraveradi, deb) aldaguvchi (shayton) aldab qoʻymasin. («Al-malonna» («fotir») surasining beshinchi oyati. Alouddin Mansur tarjimasi.)