OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiShaytanat (II- kitob, II- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Kriminal belletristika
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm275KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/12/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shaytanat (II- kitob, II- qism)
Tohir Malik

IX bob

1

— Sayfijon, eson-omon borib keldingmi, ukang tinchmi, chiqay deb qoldimi? Seni anchadan beri bir yigit kutib turibdi. Hov ana, moshinang oldida.

Avtobaza darvozasi oldida kutib olgan qorovulning bu gapidan Sayfi unchalik ajablanmadi. Chunki uni soʻrab keladigan odam koʻp. U Hamdamning kim ekanligini bilib, sal choʻchiganday boʻldi-yu, ammo sarosimaga tushmadi. Chunki militsiyadan odam kelishini yoki chaqirilishini bilardi. Ularga nima deyish, kimlarni koʻrsatish ham oldindan puxta ravishda belgilangan edi. Uning vazifasi aniq — darrov gullab qoʻymay, bir oz tarang qilgach, kavkazlik ikki yigit ijaraga olgan uyni koʻrsatib qoʻyish.

Hamdam mashinaning orqa oʻrindigʻiga oʻtirib, Sayfini ham oʻtirishga taklif etdi.
— Uchariqqa nima sababdan bordingiz? — deb soʻradi Hamdam.
— Ukam oʻsha yerda oʻtiribdi. Mayda-chuyda tashlab keldim. Vaqtida moylab turilmasa, qiynashadi.
— Kim qiynaydi?
— Bilmagandek soʻraysiz, a?
— Ukangiz nima gunoh qilgan edi?
— Doʻkonidan ozgina kamomad chiqqan ekan.
— Ozgina deganingiz qancha?
— Oʻttiz ming...

Bu gapni eshitib Hamdam hushtak chalib qoʻydi.
— Kamida oʻn yil qatnar ekansiz-da?
— Oʻn ikki yil berishdi, noinsoflar.
— Uchariqqa qachon joʻnovdingiz?
— Yigirma toʻqqizinchi mayda.
— Uchariqqa bir kunda, boring, ana, ikki kunda borib kelsa boʻladi. Koʻp yurvormadingizmi?
— Uchariqda bir kun boʻldim. Keyin Buxoro, Samarqand deganday... aylanib keldim.
— Yigirma sakkizinchida ishdamidingiz?
— Ha.
— Qaerlarda boʻldingiz, kimlarni olib yurdingiz, eslay olasizmi?
— Shahar katta boʻlsa, kim qoʻl koʻtarsa toʻxtaymiz. Aytgan joyiga olib boramiz. Pulini olamiz. Qoʻlimiz roʻlda, koʻzimiz yoʻlda, xayolimiz pulda. Otning kallasidek plan qoʻyib qoʻygan, bajarishga majburmiz.
— Mashina yangi ekan?
— Ha, xoʻjayinlar bir tantilik qilib yuborishdi.
— Qachondan beri ishlaysiz?
— Yarim yil boʻlib qoldi.
— Yarim yilda yangi mashina olibsiz, omadingiz bor ekan. Omad kimga kulib boqadi, bilasiz, a?
— Omadi borga-da.
— Yoʻq, xarajatdan qochmaydigan mard odamga, topdimmi?
— Sizlar bilmaydigan narsa yoʻq.
— Siz menga yoqdingiz, dangal gaplasharkansiz. Men mard yigitlarni yaxshi koʻraman. Endi bi-ir mardlik qilib yuborasiz: yigirma sakkizinchi maydagi voqeani aytib berasiz.
— Qaysi voqeani?
— Bizni qaysi voqea qiziqtirishi mumkin?
— Bilmadim.
— Jinoyatga aloqador hech nimani koʻrmadingizmi? Xoʻp, vaqtini aytay: taxminan soat olti bilan yettining oʻrtasida. Shahardan chiquvchi katta yoʻl yoqasida. Esladingizmi?
— Yoʻ-oʻq.
— Qani, mashinani haydang.
— Qayoqqa?
— Haydayvering-chi, koʻchaga chiqqach, aytaman qayoqqa yurishingizni.

Sayfi oʻz oʻrniga oʻtirib mashinani yurgʻizdi. Hamdam «chapga», «oʻngga» deb oʻtirdi. Shaharni kesib oʻtib katta yoʻlga chiqishdi. Murda yoqilgan yerga yaqinlashganda Hamdam:
— Juda tez haydar ekansiz, sal sekinlating, tabiatni tomosha qilgim kelyapti, — dedi.

Sayfi murda yoqilgan daraxt yonidan oʻtayotganida oʻng tomonga qarab ham qoʻymadi. Yoʻldan koʻz uzmay ketaverdi. Bir chaqirimcha yurishgach, Hamdam mashinani orqaga qaytarishni soʻradi. Sayfi qaytishda ham sir boy bermadi. Bir-ikki chaqirim yurishgach, Hamdam mashinani yana orqasiga qaytardi. Murda yoqilgan yerga yetgach, «toʻxtating» deb buyurdi.
— Shu yer koʻzimga yaxshi koʻrinib ketdi, — shunday deb mashinadan tushdi. Sayfiga «siz ham tushing», deb buyurdi-da, tarvaqaylab oʻsgan daraxt sari yurdi. — Bir-ikki ulfat bilan yonboshlab olib pivoxoʻrlik qiladigan maza joy ekanmi, a? — dedi Hamdam hamrohiga savol nazari bilan qarab.
— Iflos-ku? — dedi Sayfi ajablanganicha yelka qisib. — Yoʻl beti, shovqin. Ulfatchilik qilaman, desangiz zoʻr joylar bor.
— Ifloslikka iflos. Lekin tozalasa boʻladi... Shu yerda ulfatchilik qilib oʻtirib, keyin bitta sherigimni osib qoʻysamu oʻshanda siz shu yoʻldan oʻtsangiz, koʻrarmidingiz?
— Bilmadim. Tez yuradigan boʻlsam, u yoq-bu yoqqa qaramayman.
— Oʻlik yonib tursa-chi? Koʻzingiz tushadi-ku? Shunda toʻxtaysizmi?
— Aniq bir narsa deyishim qiyin.
— Toʻxtamay oʻtib ketaverasizmi? Axir u yonayotgan oʻlik ukangiz boʻlishi ham mumkin-ku?
— Sovuq nafas qilmang, aka, tovonimgacha zirillatib yubordingiz.
— Ha, gapim sal qoʻpol chiqdi. Uzr. Lekin... oʻsha odam kimningdir ukasi yo akasi, yo otasi, yo eri... Boringki, hech kimi yoʻq gʻirt yetim. Osilib turaveradi, yonib turaveradi... Xafa boʻlmang, ba’zan kallamga shunaqa bema’ni xayollar kelib qoladi.
— Ishingiz shunaqa-da. Yoʻl chetida odam boshini qashisa ham mashinaga qoʻl koʻtarayotganga oʻxshab tuyuladi menga. Sizga esa sal shubhali koʻringan odam jinoyatchi boʻlib koʻrinaveradi, toʻgʻrimi?
— Qoyilman, topdingiz! — dedi Hamdam sovuqqina jilmayib.

U sir boy bermay turgan Sayfiga qarab taajjublandi: «Pixini yorgan jinoyatchi ham bunaqangi bez boʻlmas. Rangi ham oʻzgarmaydi-ya... Kim bu oʻzi? Shunchalik ustami? Meni laqillatmoqchimi yo shoir mashina nomerini adashtirganmi? Bu kelmaganmi?..»

Sayfi jilmayishning soxtaligini sezdi. Inspektorning gaplaridagi ilmoqni ham fahmladi. Mushuk-sichqon oʻynayotganini ham bildi. Ammo uning nima uchun toʻq mushuk singari oʻljasini oʻynayotganiga tushunmadi. Sayfi bu vazifani boʻyniga olganida milisaxonaga bir-ikki chaqirishib soʻrashganidan keyin aytib berarman, deb oʻylagan edi. Ishning bu tarzda boshlanishi uni bir oz gangitdi. Hamdam oʻyinni yana bir oz davom ettirganida dovdirashi ehtimol edi.

Hamdam uni sinovli nazari bilan koʻp ta’qib etmadi. «Qani, ketdik», dedi-da, mashina sari yurdi.
— Akaxon, hali koʻp yuramizmi? — dedi Sayfi shahar markaziga yaqinlashganida. — Oʻzingiz bilasiz, otning kallasiday plan bor. Bu yogʻi tirikchilik...
— Tirikchilikmi, tirriqchilikmi? — dedi Hamdam kesatib.

Sayfi oʻzini majburlab kuldi:
— Gapni ham qiyib yuborar ekansiz.

Hamdam «milisaxonaga qarab hayda», desa Sayfi qiynalmay yurgan boʻlardi. Mashinani hali oʻngga, hali chapga buraverib charchadi. Hamdam xuddi shahar koʻchalarini bilmaydiganday uni rosa sarson qilib, nihoyat oʻzi ishlaydigan ichki ishlar boʻlimiga yetib keldi. Sayfini soʻroq qilish uchun oʻz xonasiga emas, balki ayblanuvchilar vaqtinchalik saqlanadigan temir panjarali tor va zax xonaga boshladi. Panjarali eshik sharaqlab ochilganida Sayfining esi chiqib ketayozdi.
— Kir, — dedi Hamdam sovuq tarzda.
— Nimaga? Gunohim nima?
— Qoʻrqma, kiraver. Bu yer bizning doʻxturxonamiz. Unutilgan narsalar shu yerda esga tushadi. Bu yerda tuzalmaydiganlar uchun boshqa doʻxturxonamiz ham bor. U yerda uncha-muncha dori-darmon qilinadi, — Hamdam uni gardanidan ushlab ichkariga itardi. — Yigirma sakkizinchida yurgan yoʻllaring esingga tushib qolsa, chaqirasan.

Eshik sharaqlab yopilishi bilan Sayfi lahadga tushib qolganday seskanib ketdi. Bir necha soatga emas, bir umrlik qamoqqa tushganday badaniga qoʻrquv titrogʻi yugurdi. «Haqqingiz yoʻq!» deb baqirmoqchi edi, oʻzini tutdi. Haydar akasining gaplarini esladi: «Seni qamab qoʻysalar ham churq etma. Keyinroq gapirib berasan. Ulardan qoʻrqdim, shu sababli darrov aytmadim deysan. Ukangni vaqtliroq qutqarish uchun ozgina jabr cheksang oʻlib qolmassan». Sayfi kavkazlik ikki yigit ogʻir jinoyat qilgan boʻlsa ham, bunga mening dahlim yoʻq, deb oʻylayotgan edi. Hali, murda osilgan daraxt yonida dovdiramaganining sabablaridan yana biri — murda yoqilgan paytda u nariroqda, mashina ichida edi. Bu tomonga qarashga qoʻrqib, pisib oʻtirgandi. Yigitlar murdani osish uchun ingichka sim arqon tayyorlashayotganini koʻrgan, «sim arqonda osishmoqchimi?» deb ajablangan edi. Oʻsha kungi kechqurungi poezdda joʻnab qolgani uchun shahardagi gap-soʻzlar, mish-mishlar hali qulogʻiga yetib kelmagan edi.

2

Hamdam Tolipov xonasiga kirib sigaret tutatdi. Oʻrindiqqa yastanib oʻtirdi-da, oyoqlarini stul ustiga chalishtirib qoʻydi. U Sayfini jinoyatchilardan biri deb hisoblamayotgan edi. Sayfi uning uchun chigalni yechishdagi kichik tuguncha edi. Hamdamga ikki narsa qorongʻi: Sayfi qaysi toʻdaning odami? Nima uchun mashina nomerini yashirmadi? Qotillar nima sababdan etaklarining bir uchini oʻzlari koʻtarib qoʻyishdi? Tasodifmi bu yo puxta oʻylab qilingan ishmi? Hamdam ikki-uch soatdan soʻng uni olib chiqib, qorniga musht tushirsam sayrab qolar, deb oʻylagan edi. Shu oʻtirishida xayoliga ajoyib fikr kelib, oʻrnidan turib ketdi. Telefon goʻshagini olib lozim raqamni terdi. Zohid xonasida ekan, goʻshakni darrov koʻtardi.
— Shopirni topdim, — dedi Hamdam, «suyunchi ber», deganday bir ohangda.
— Nima deydi? — dedi Zohid, bu gapni arzimas xabarday qabul qilib.
— Hozircha jim. Bez boʻlib oʻtiribdi. Parvoyi falak. Oʻsha daraxtning tagiga ham olib bordim. Koʻzini loʻq qilib olgan, tusi ham oʻzgarmaydi-ya! Bunaqasini endi koʻrishim. Toʻdaga kirishdan oldan surbetlikdan imtihon topshirgan boʻlsa kerak. Lekin u bugunning oʻzida sayrab beradi. Sayratmasam otimni boshqa qoʻyaman.
— Yana mushtmi? — dedi Zohid norozi ohangda.
— E yoʻq, oʻrtoq prokuror, hozir qanaqa davr? Qayta qurishmi? Ha, shunday. Tolipov ham oʻzini qayta tarbiyalagan. Shunday bir ishni oʻylab qoʻydimki, sendaqadan yuztasi, komissar Katanidan oʻntasi qoyil qolib, roʻparamda qoʻl qovushtirib turadi.
— Qanaqa ish?
— Sen soat oltida murda yoqilgan daraxt yaqiniga kelib tur, koʻrasan. Agar Maqsud akani topsang, yana yaxshi.
— Roʻparangizda qoʻl qovushtirib turish uchunmi?
— Hozircha piching qilaver, mayli, ammo soat oltida «akaxon, qoyilman, sizga!» deb yuborganingni oʻzing ham bilmay qolasan. Sen oltida oʻsha yerda boʻl. Men bir oz kechikib boraman. Ha, sening vazifang indamay, jim turish.

Zohid uning aytganlarini bajarishga soʻz bergach, goʻshakni joyiga ildi.

Soat besh yarimda Sayfini panjaradan boʻshatdi.
— Qani, yur, — deb koʻcha tomon boshladi.

Uning dagʻal muomalasi Sayfini tashvishga soldi. «Bir baloga giriftor qilmasaydi», deb qoʻrqdi.
— Boyagi joyga hayda, — deb buyurdi Hamdam mashinaga oʻtirgach. Keyin soʻradi: — Kanistrangda benzin bormi?
— Yoʻq, — dedi Sayfi ajablanib.
— Yoʻlda olvol, oʻn litr yetadi.
— Uzoqqa boramizmi?
— Uzoqqa... shunaqangi uzoqqa...

Sayfini endi rosmana qoʻrquv oʻz toʻrlariga oʻray boshladi. Barmoqlariga titroq yugurdi. Hamdam buni sezib, quvonib ketdi. Sayfi yoʻlda toʻxtab, benzin oldi. Xoʻjalik mollari doʻkoni yonidan oʻtayotganida Hamdam mashinani toʻxtatdi-da:
— Ikki quloch arqon olib chiq, — deb buyurdi.
— Qanaqasidan?
— Mol bogʻlaydigan, pishiqroq boʻlsin.

Sayfi bu buyruqni ham bajardi.

Katta yoʻl yoqasidagi oʻsha daraxt yonida bir «Volga», uning yonida esa Zohid bilan mayor Soliev turishardi.
— Motorni oʻchirib, kalitni menga ber, — dedi Hamdam. Sayfi titroq barmoqlari bilan kalitni uzatdi.
— Esladingmi? — dedi Hamdam koʻzini daraxtga tikib.
— Nimani?
— Oʻzingni ovsarlikka solma. Nimani soʻrayotganimni bilib turibsan. Yigirma sakkizinchi mayda bu yerga kim bilan kelgansan, nima ish qil-

gansan?
— Bu yerga birinchi kelishim.
— Shunaqami? Qani, tush mashinadan, — Hamdam shunday deb arqonni qoʻliga olib, mashinadan tushdi. — Yukxonani och, kanistrni ol.
— Nimaga?
— Olaver, menga kerak.

Koʻngli yomon bir shumlikni sezgan Sayfining oyogʻidan mador qochdi. «Volga» yonida turganlarga xavotir bilan qarab, Hamdamning buyrugʻiga itoat etdi. Daraxt ostiga borishganda Hamdam arqondan sirtmoq yasadi. Sayfi koʻzlarini javdiratib, atrofga alangladi.
— Qochishni oʻylama. Bir qadam nari-beri qoʻysang, otilasan. Yordam ham kutma, mashinasini toʻxtatib yordam beradigan ahmoq yoʻq bu yerda.
— Nima qilmoqchisiz? — dedi Sayfi titroq ovozda.

Uning bu holatidan Hamdam mamnun boʻldi — unga aynan shu kerak edi.
— Seni osmoqchiman, — dedi xotirjamlik bilan. — Keyin... yoqaman.
— Haqqingiz yoʻq!
— Nega haqqim boʻlmas ekan, haqqim bor, ogʻayni. Bu shoxga ikkita odam osildi. Sen uchinchisi boʻlasan. Biz esa qotil topilmadi, deb ishni yopdi-yopdi qilib yuboraveramiz.
— Haqqingiz yoʻq! — deb baqirib yubordi Sayfi.
— Sening haqqing bormidi?
— Men oʻldirganim yoʻq!
— Kim oʻldirdi?
— Bilmayman.

Hamdam teskari qaradi. Uning harakatini diqqat bilan kuzatayotgan Sayfi ham boshini burdi. Shu zahoti Hamdam chaqqonlik bilan boʻyniga sirtmoqni tashladi. Sayfi arqonni ikki qoʻli bilan changallab, jon holatda baqirib yubordi. Zohid u tomon intilib qadam qoʻygan edi, mayor Soliev toʻxtatdi.
— Yigirma sakkizinchida kelganmisan? — deb soʻradi Hamdam.
— Kelganman, — dedi Sayfi jon talvasasida.
— Nima uchun ertalabdan beri meni laqillatasan?
— Aytsang, oʻldiramiz, deyishgan. Bola-chaqang garovda deyishgan...
— Kim?
— Bilmayman, tanimayman ularni.
— Nechta odam edi?
— Ikkita... ular bu yerning odami emas, tili boshqacha edi.
— Bu yerda «Jiguli» ham bor edimi?
— Bor edi, bir jingalak sochli yigit turuvdi.
— Keyin nima boʻldi?
— Gaplashishdi. Keyin menga javob berishdi.
— Urishishmadimi?
— Yoʻq.
— Osishganda qaerda eding?
— Menga javob berishdi, ketuvdim.
— Yolgʻon gapirma! — Hamdam shunday deb arqonni tortdi. — Oʻlik yonayotganda ham shu yerda boʻlgansan. Mashinangni koʻrganlar bor.
— Ha... Ha... moshinangda qimirlamay oʻtir, deyishdi. Oʻtirdim. Bola-chaqam garovda edi...
— Sen hozir ham garovdasan. Ikki yoʻling bor: yo oʻsha odamlarni bizga topib berasan, yo shu yerda koʻmirga aylanasan.
— Men ularni tanimayman... Kira qilib olgan edim. Lekin bir uyga kirib chiqishgan edi. Balki oʻsha yerda turishar?..

Reja boʻyicha Sayfi bu gapni soʻroqning yo uchinchi yo toʻrtinchi kuni aytishi lozim edi. Ish shu darajada tezlashib, murakkablashib ketdiki, aytmaslikning iloji qolmadi.

Qaytishda mashinani Hamdam haydadi. Sayfi qil koʻprikdan oʻtib, arang omon qolgan odam holiga tushgan edi. U ukasini qamoqdan chiqarish, hech boʻlmasa muddatini kamaytirishga yordam soʻrab Haydarga murojaat qilgani uchun endi oʻzini oʻzi la’natladi. Toʻgʻri, ukasiga joni achiydi. Lekin, hozir ayon boʻldiki, oʻzining joni yanada shirinroq ekan. Dastlab unga vazifa oson koʻringan edi. Ikki kavkazlikni ijaradagi uyidan oladi, oʻlikxonaga boradi, ular oʻlikni oʻrab olib chiqishadi, soʻng katta yoʻl yoqasidagi daraxtga osishadi, tamom vassalom. Milisa soʻragan taqdirda faqat oʻlikxonaga borilganini aytmaydi. Kavkazlik yigitlar ijarada turadigan uy koʻrsatib qoʻyiladi, xolos... Sayfi bir-ikki soʻroqqa chaqirishadi-yu, soʻng holi qoʻyishadi, deb oʻylagan edi. Agar uning iziga Hamdam tushmay, boshqa odam, masalan Zohid tushganida balki shunday boʻlarmidi... Bir kunda gullab qoʻygani uchun endi Haydardan qoʻrqa boshladi. «Bu balki yolgʻondan qoʻrqitgandir, Haydar aka poʻpisa qilib oʻtirmas», deb yuragi orqasiga tortib ketdi. «Balki oʻzimni moshinadan tashlab, biratoʻla qutulub qoʻya qolsammikin», degan xunuk fikrga ham bordi. Shu onda Hamdam xuddi uning fikrini oʻqiganday bir qarab oldi:
— Sen qoʻrqma, — dedi u, — senga tegishmaydi. Bizga toʻgʻrisini aytib, yordam bersang joning omon qoladi. Kerak boʻlsa, odam qoʻyib seni qoʻriqlaymiz. Aldaydigan boʻlsang, ularga sherik hisoblanib, xalta-xurjuningni koʻtarib joʻnaysan. Bu oʻyin shunaqa boʻladi: yo ostidan, yo ustidan!

Bu safar «chapga», — «oʻngga», deb Sayfi yoʻl koʻrsatib turdi. Eski shaharning tor koʻchalaridan oʻtishayotganda oʻng qoʻldagi temir darvozani koʻrsatdi:
— Shu uyga kirib chiqishgan.
— Adashmadingmi?
— Yoʻq, ana, chap tomondagi axlatxona esimda qolgan.

Hamdam «yaxshi», dedi-yu, mashinani toʻxtatmadi.
— Toʻxtatmaysizmi?
— Nega?
— Ushlamaysizmi?
— Bu yogʻini oʻzimga qoʻyib ber. Sen bugungi ishingni bajarding. Endi ogʻzingga qulf urib, jim yur. Uchariq-toʻrtariq qilib joʻnab qolma. Shahardan bir qadam nari-beriga chiqmaysan, tushundingmi?

Sayfi «tushundim», deb bosh irgʻadi. U faqat Hamdamning bu gapiga emas, balki bulardan hali-beri qutulmasligiga ham tushunib yetdi.

Koʻprikdan oʻtgach, Hamdam mashinani toʻxtatib, tushib qoldi. Sayfi uzoqlashishi bilan, izma-iz kelayotgan «Volga» toʻxtadi.
— Toʻqson birinchi uy ekan, — dedi Hamdam, mashina eshigini ochib. — Odam chaqirish kerak. Ungacha men bir qarab chiqaman.

Hamdam mashinalar oqimiga muqobil yurib, toʻqson birinchi uy eshigini taqillatdi. Ikkinchi marta taqillatganida ichkaridan «hozir» degan zaifgina tovush chiqdi. Soʻng darvozaning bir tabaqasi mungli ovoz chiqarib qiya ochildi-da, uzun yengli koʻylak kiygan keksa ayol koʻrindi.
— Keling, bolam, — dedi u, Hamdamning salomiga alik olgach.
— Keliningiz bilan ijaraga uy qidirib yuruvdik. Siznikida boʻsh joy bor, deb eshitdim.
— Voy, bolam-ey, sal kech kelibsiz-da. Joy boridi, odam qoʻyib qoʻydik. Siz oilangiz bilan turmoqchimidingiz? Nechta bolangiz bor?
— Bittagina. Uch yoshda.
— Voy, attang-e, biz bop ekansizlar-a, cholim qaysar-da, sabr qilaylik, desam, koʻnmadi. Ikkita yigitni boshlab kelib, joyladi. Chulchitmi-ey, tiliga tushunmayman. Bir paydo boʻladi, bir koʻrinmay ketadi. Bunaqasi menga yoqmaydi, bolam. Chol-kampirga oilali odam afzal-da. Bola ermak boʻladi, lozim boʻlib qolsa, issiq-sovuqdan ham xabar olib turishadi. Siz, bolam, noumid boʻlmang-a, hali cholim kelsin, bir gaplashay, bularga javob bersin.
— Ijarachilaringiz shu yerdami?
— Shu yerda boʻlmay qolishsin. Uyquga toʻyishmaydi bular. Aqli boʻlsa, shom kirganda uxlarmidi...

Hamdam erta-indin xabar olajagini bildirib, iziga qaytdi. Koʻp oʻtmay, qoʻshimcha kuchlar yetib kelgach, toʻrt yigitni yoniga olib, yana darvoza oldida paydo boʻldi.
— Voy, cholim hali kelmadilar, — dedi ayol ajablanib.
— Xolajon, bir gap aytaman, faqat siz vahima qilmang. Mana bu yigitlar milisadan, ijarachilaringizni koʻrishmoqchi. Siz ular yotgan uy eshigini koʻrsatingu, oʻzingiz tez chetga chiqing, — dedi Hamdam.
— Voy oʻla qolay, voy Xudo urdi, — dedi ayol.
— Vahima qilmang, dedim-ku.

Ayol qoʻli bilan chap tomondagi eshikni imlab koʻrsatib, oʻzi toʻgʻridagi ayvon sari yurdi. Titroq ovozda nimadir dedi.

Hamdam eshikni zarb bilan tepib ochishi bilan toʻrt yigit otilib ichkari kirishdi. Dong qotib uxlab yotgan yigitlar qimirlab ham qoʻyishmadi. Xontaxta ustidagi boʻshagan aroq idishlari, dimoqqa urilgan nasha hididan hammasi ayon edi. Yigitlarning betlariga shapatilab, suv sepib arang oʻzlariga keltirishdi. Ular uygʻonganday boʻlishsa-da, hali kayfdan qutulmagan, nima boʻlayotganini anglab yetmagan edilar. Ularning qoʻllariga kishan urib olib chiqilgach, Zohid ayolni chaqirib, xonaga kirdi-da, koʻzdan kechira boshladi.
— Koʻrpa-toʻshaklar meniki, aylanay bolam, — dedi ayol qoʻrqibgina. — Ular qup-quruq kelishgan. Hali ijara pulini ham berishmovdi.
— Bularning oʻzlari izlab keldimi yo birov iltimos qildimi? — deb soʻradi Zohid.
— Cholim boshlab keluvdilar.
— Cholingiz hozir qaerdalar?
— Qaydam... Balki samovorxonadadirlar?

Zohid «topib kelasizmi?» deganday qilib Hamdamga qaradi. Bu qarashning ma’nosini anglagan Hamdam indamay tashqariga chiqdi. Zohid bir cheti yostiq ostidan chiqib turgan suratni oldi — Jamshid kulimsirab turibdi.
— Mana bu yigit ham kelib turarmidi? — deb suratni ayolga koʻrsatdi.
— Yoʻq-a, — dedi ayol suratga durustroq ham qaramay. — Bularni hech kim soʻrab kelmadi.

Zohid tokchadagi boʻsh tsellofan xaltachalar bilan qon tekkan em ignasini koʻrib:
— Xola, endi bu xonaga kirmay turasiz, hech narsaga tegmang. Narsalaringizni tekshirib boʻlganimizdan keyin olasiz, — dedi.

Bu orada hovliga gavdali, ayol «cholim» degani bilan koʻrinishi chollik martabasiga yetmagan, oyoqlari ogʻir gavdani koʻtarishga majolsizligidanmi, oʻrdak kabi lapanglab yuruvchi uy egasi kirdi. Zohid u bilan salomlashgach, ayolga bergan savollarini qaytardi. Oʻzi kutganidek, tayinli javob ololmadi: chol choyxonada oʻtirganida bu yigitlar joy soʻrab kelishgan, durustgina aqcha berishmoqchi boʻlishgan, vassalom.

Ekspertlar kelib xona koʻzdan kechirilgach, qoʻlga ilinarli ashyoviy dalil ham topilmadi.

3

Tergovni tashqaridan kuzatgan odam bu yigit oʻzining ismini ham durust bilmas ekan, deb oʻylashi mumkin. Zohid ismi-sharifini uch marta soʻraganida uch xil javob berdi. Zohid «bu laqillatmoqchimi yo dorining ta’siridan hali qutulmadimi?» deb oʻyladi. Ikkinchi yigit ham shunday hunar koʻrsatgach, tergovni kechiktirdi.

Ertasiga ularning gaplari poyintir-soyintir boʻlmadi. Bu vaqt ichida mayor Soliev ularning kimligini, qamoqxonalarda bearmon oʻtirishganini aniqladi. Zohid avval yoshi kattarogʻi — Petrashvilini soʻroqqa chaqirdi.

Rasm-rusm boʻyicha dastlabki ma’lumotlarni soʻrab, yozib olgach, asosiy muddaoga koʻchdi:
— Yigirma sakkizinchi mayda qaerda edingiz?
— Yigirma sakkizinchi?.. Necha kun oldin boʻlgan bu yigirma sakkizinchi?
— Oʻn kun boʻldi.
— E, grajdanin nachalnik, oʻn kun oldingi gap esimda turadimi? Kecha qayoqda edim, bilmayman.

Zohid Jamshidning rasmini uzatdi:
— Bu yigit kim?

Petrashvili suratga uzoq tikildi.
— Tanimayman.
— Yostigʻingiz tagida ekan?
— Balki kampirning oʻgʻlidir. Uyda har xil rasm koʻp edi.
— Chol-kampir ham tanishmadi. Ammo... sherigingiz tanidi.
— Sherigim tanigan boʻlsa oʻzidan soʻrayver, nega mendan soʻraysan?
— Haydovchi ham tanidi.
— Qaysi haydovchi?
— Sizlarni olib borgan. Biz uni topdik.
— Har kuni oʻnta mashinada yursam, oʻnta haydovchi taniydi meni. Nachalnik, toʻgʻrisini ayt, sen boʻynimga nima ilmoqchisan? Aytaver, kelishamiz, men bunaqa ishlarga oʻrganib ketganman.
— Yoʻq, kelisholmaymiz, grajdanin Petrashvili.
— Nega grajdanin, deyapsan, sen avval aybimni isbotla, qama, undan keyin grajdanin, deyaver.
— Grajdanin nachalnik deb avval kim aytdi?
— Menmi? Ha... men bunaqa soʻroqlarda oʻtiraverib oʻrganib ketganman. Hali bunaqa soʻroqlarni koʻp koʻrsam kerak.
— Yoʻq, koʻp koʻrmaysiz, bunisi oxirgisidir.
— Nega endi? Chiqarib yubormoqchimisan?
— Yoʻq, endi chiqish tushingizga ham kirmaydi. Endigi hukm bittagina oʻq boʻladi.
— Qoʻrqitma, nachalnik. Qoʻrqadigan ahmoqlar oʻlib ketishgan. Menga qara, sen yosh ekansan, men sendaqalarning koʻpini koʻrganman. Sen boshni qotirmaginu maqsadingni ayt. Faqat mayda bezorilikni tirkama. Obroʻyim toʻkilishini istamayman.

«Hali bunda obroʻ ham bor-a?!» deb kulib qoʻydi Zohid.
— Gap bunday, Petrashvili, biz obroʻyingizni toʻkmaslikka harakat qilamiz: boʻyningizga biratoʻla qotillikni ilamiz, ma’qulmi?
— Qanaqa qotillik?!

Petrashvili bu savolni xotirjam tarzda, xuddi yaqin oshnasiga «Qayoqqa ketyapsan, ahvollaring yaxshimi?» deb soʻraganday berdi. Qamoqlarda koʻp yurganidan shunday sovuqqonmidi yo tabiatan bezmidi, Zohid farqlay olmadi. U yana Jamshidning rasmini oʻrtaga qoʻydi:
— Shu yigit oʻldirilgan.
— Bunaqa shilta ishni menga ilma, nachalnik, ovora boʻlasan, isbot qilolmaysan. Bu qiligʻingdan vishkaning hidi kelib turibdi.
— Ha, ana, bilar ekansiz-ku?
— Dalil kerak.
— Mana bitta dalil, — dedi Zohid suratni qoʻliga olib.
— Bizni kayfligimizda qoʻlga olgansan. Suratni oʻzing tashlab qoʻygansan. Surat chepuxa, shu bolaning kallasini uzib yonimga tashlab qoʻyganingda ham isbotlay olmaysan.

Kavkazlikning ikkinchisi ham qariyb shunday javob berdi. Ikki kundan soʻng Zohid Sayfini chaqirtirdi. Sayfi qator turgan yetti kishi orasidan ikki kavkazlikni tanidi. Shundan keyin ham ular yigirma sakkizinchi mayda katta yoʻl boʻyida boʻlganlarini tan olishmadi.

X bob

1

Bu xabar Hosilboyvachchaga xush yoqdi. Nabirasining oʻlik tugʻilishi nima ekan, kimda-kim Asadbek oʻlibdi, deb kelsa katta suyunchi berishga ham tayyor edi. Ayrim xotinlar «biron noxush gap chiqarmikin» degan ilinjda uzzukun qoʻshnisinikiga quloq tutadi. Baqiriq-chaqiriqni eshitsa, yoinki biron tashvish shabadasini sezsa, quvonadi. Qoʻshnisining tomi uzra kulfat bulutini koʻrsa-ku, unikida bayram deyavering... Hosilboyvachcha ham shu toifadan edi.

Yangi yil arafasida Asadbekning qizi yoʻqolganini eshitganida qalbini shodlik oftobi bir yoritib oʻtgan edi. Elchinni kuyov qilganida bu oftob yana bulut orasiga yashirinib, uni ikki oʻt orasiga tashladi: Asadbekning maqsadini bilolmay, kalovlandi. Elchinni koʻpning ichida masxara qilmoqchi boʻlganida ham shu hol yuz berdi. Jamshidning yetib kelib, Elchinni ogʻir ahvoldan qutqarishi Hosilboyvachchaga «Asadbekka tegishli odamni xor qiladigan hali tugʻilmagan», degan ma’noni anglatgan edi.

Hosilboyvachcha uchun Asadbek yoʻldagi togʻ, uni qanday qilsa-da, agʻdarishi, kemirib boʻlsa-da, tu- gatishi lozim edi. Aylanib oʻtish mumkin emas — togʻ orqa tomondan ham bosaveradi. Zaynabning oʻgʻirlanishi — bemalol hujumga oʻtsa ham boʻladi, degan ishora edi. Asadbekka hamla qiladigan dovyurak topilibdimi, demak, yurishni boshlash vaqti yetibdi. Elchinni toʻyga taklif etish — shunchaki bir sinov edi. Zaynabning oʻlik bola tugʻib, kasalxonada yotishi uni qat’iy hujumga kirishishga da’vat etdi.

U xushxabar olib kelgan Shomilning qoʻlidan gugurtni olib, toʻrtta choʻpni chiqardi. Uchtasining boshini birlashtirib, toʻrtinchisini yoqdi-da, tezlik bilan shu uchta choʻpga tutdi. Pov etib yonishi bilan puflab oʻchirgan edi, toʻrtala choʻpning boshi qovushib, uchoyoqli minoraga oʻxshab qoldi. Shomil xoʻjasining mahoratiga besh ketib, kulib qoʻydi.
— Shomil, mana buni qara, Asadbek Elchinni kuyov qildi, Jamshid oʻldirildi, qizi oʻzini osdi, bolasi oʻlik tugʻildi... Hamma voqealarning boshi qovushmayaptimi?
— Shunga oʻxshaydi, — dedi Shomil oʻylab ham oʻtirmay. U sobiq shogirdini, hozirda esa xoʻjayinining aqliga tan bergan, shu bois aytganlarini mulohaza qilib ham oʻtirmas edi.

Hosilboyvachcha choʻp ustini barmogʻining uchi bilan bosgan edi, «minora» sochilib ketdi.
— Asadbekni kimdir chinor degan edi. Chinorning ichini qurt yeya boshlabdi. Chetdan tomosha qilib turaversang, gʻirt ahmoq boʻlasan. Temirni qizigʻida bosish kerak, deyishganmi? Asadbekning qizi yotgan kasalxonada odaming bormi?
— Bor. Oʻzimga tegishli bir jonon bor.
— Menga Zaynab kerak.
— Olib chiqaymi? — dedi ajablanib Shomil.
— Qani oʻyla-chi, yo toming ketganmi?

Hosilboyvachcha oʻylash uchun fursat berganday jim qoldi, soʻng oʻziga-oʻzi gapirganday dedi:
— Zaynab u yerdan giyohvand boʻlib chiqishi kerak. Jononing uni ignaga oʻrgata olarmikin?
— Men aytsam, oʻrgatadi.
— Oʻrgatsin, ammo ehtiyot boʻlsin. Birinchisini oʻziga sezdirmasin. Oʻzi ham olib turadimi?
— Olganda-chi!
— Agar qovun tushirsa, men seni ham, uni ham tanimayman.

Bu poʻpisaga javoban Shomil tirjayib, gʻilay koʻzlarini oʻynatib qoʻydi. Shomil xoʻjasining bu poʻpisasi quruq emas, amalga oshuvi muqarrar ekanini bilgani kabi, Hosilboyvachcha bu tirjayishning ma’nosini yaxshi anglaydi. Bu tirjayishga gʻilay koʻzlarning oʻynashi qoʻshilgani — «koʻnglingiz toʻq boʻlaversin, shu ishni eplamasam, bu dunyoda nima qilib yuribman», deganidir.

Shomil muzlatgichni ochib, undan tunuka idishdagi fin pivosidan oldi-da, birini ochib xoʻjasiga uzatdi. Ikkinchisini ochib, bir koʻtarishdayoq boʻshatdi. Hosilboyvachcha bir-ikki yutum ichib, oʻziga qaytardi. Shomil «sizniki tabarruk» deganday tirjayib uni ham boʻshatdi.

Zaynabni qoʻlga kiritish fikri Hosilboyvachchada ancha burun uygʻongan edi. Juvonning oʻzini osishi bu xayolni haqiqatga tezroq aylantirish imkonini yaratganday boʻldi. Bolaning oʻlik tugʻilishi esa imkon darvozalarini keng ochib yubordi. «Oʻzini osdimi, demak, chorasiz qolgan, — deb oʻyladi u. — Otasiga ishonchi yoʻq. Otasining hukmida yashash joniga tekkan. Hamma narsaga ega ayol bekordan-bekorga oʻzini osmaydi...»

Hosilboyvachcha Zaynabni qoʻlga kiritgan tarzda nima qilishni ham oʻylab qoʻygan. Zaynab boʻyin bergach, uni qoʻyniga olmaydi, birga boʻlmaydi. Toʻgʻri, koʻrinishi, qad-qomati binoyi, yosh... lekin otarchining sarqitiga kuni qolibdimi, degan malomatga toqati yoʻq. Balki kayfchilikda totib koʻrar... Zaynab — yigitlarniki. Kimga hadya etishni Shomil biladi. Zaynabning birinchi vazifasi shu — yigitlar koʻnglini ovlash. Bu qiligʻi ertami-kechmi, otasiga ma’lum boʻladi. Asadbek qizining naqadar iflosligini oʻz koʻzi bilan koʻrsa yana-da yaxshi! Ungacha Zaynabning yana bir yumushi bor — uydagi gaplarni yetkazib turadi. (Bunisi endi Hosilboyvachchaning xom xayoli. U Asadbekning uyda, ayniqsa xotini, farzandlari huzurida ishdan gapirish odati yoʻqligini bilmaydi). Hosilboyvachcha giyohvandlarni yaxshi biladi. Xumori tutganida qoradori uchun otasinigina emas, qoʻlida boʻlsa butun dunyoni ham sotib yuboradi.

Shomil xoʻjasining oʻyga tolganini koʻrib indamay oʻtiraverdi. U shunga oʻrgangan. Hosilboyvachcha yarim kun oʻylansa, yarim kun jim oʻtiradi. Dunyoni suv bosib ketsa ham jim oʻtiraveradi, xoʻjasining xayol surishiga halal bermaydi. Hosilboyvachchaning Asadbekdan farqi shuki — bir oʻzi oʻylaydi, bir oʻzi hukm chiqaradi. Uning bu odati Chuvrindiga oʻxshagan aqlli a’yoni boʻlmagani vajidan emas, balki oʻz aqlining mukammalligiga ishonganidandir. «Shu paytgacha oʻz aqlimga suyanib pand yemay, shu darajaga yetdimmi — demak, notoʻgʻri ish qilmabman», deb oʻylaydi. Kimdir oʻgʻliga «sen chinor soyasi boʻlma, chinorning oʻzi boʻl», degan ekan. Shu hikmat Hosilboyvachchaga juda yoqib qolgan. Oʻshanda umri mazmunini chinor boʻlmoqlik uchun kurashdan iborat, deb belgilagan edi. Chinor boʻlmoqlik — birovning aqli, birovning maslahati bilan bitmaydi. Birovning aqli bilan ishlash — chinorning erkin oʻsayotgan shoxlarini kesib turish demakdir. Hosilboyvachcha bunga toqat qilolmaydi. U chinor shoxlarining erkin oʻsmogʻini, yanada kengroq maydonni qamrab olmogʻini istaydi.
— Sen Qilichdan xabar oldingmi? — deb soʻradi Hosilboyvachcha xayol surishni bas qilib.
— Xabar oldim. Ishlari nishtyak. Qachon chiqarib olasizlar, deydi. Oʻtgan kuni uyiga ham kelib ketdi.
— Qachon chiqarib olasizlar, deydimi? Uni biz chiqarib olmaymiz, kim tiqqan boʻlsa, oʻsha chiqaradi.
— Qanaqasiga?
— Shunaqasiga. Bir joyda «Vinzavodni Qilichdan boshqa odam eplay olmaydi, bizga ham vinzavod nasib qilib qolar», dedim. Bu gapim oʻsha kuniyoq egasiga yetib borgan boʻlishi kerak. Asadbek akang Qilichni chiqarib olishimga yoʻl qoʻymaydi. Uning ikki chorasi bor: birinchisi — Qilichni oʻsha yoqda yoʻq qilib yuborish, ikkinchisi — tezroq chiqarib olish harakatini boshlash. Unga ikkinchi chora ma’qul keladi. Chunki zavodni olimchasi eplay olmaydi. Buni ahmoq odam ham darrov sezishi mumkin. Asadbek chiqaraversin, Qilich merov, undan emas, bizdan minnatdor boʻladi. Uni hech bir chiqimsiz qoʻlga kiritamiz.
— Chiqarib olishganini oʻzlari aytishsa-chi?
— Ishonmaydi. Undan kim xabar olib turdi? Zoʻrlardan kim himoya qildi? Menmi? Sen, tomi ketgan ahmoq, «Qilichdan xabar olib tur», deganimda burningni jiyirgan eding. Endi tushundingmi? Buni bir oʻq bilan ikki quyonni urish, deydilar. Men ularning kartalarini chalkashtirib tashladim. Yaqinda qoʻllarida koʻzirlari qolmaydi. Oʻshanda bankka uramiz. Qoyilmisan?
— Men sizni birinchi koʻrganimdayoq qoyil boʻlganman.
— Sen hozir bir ish qilasan: Qilichni bir-ikki soatga soʻrab, shu yerga olib kelasan. Men bir uning suhbatini olay.

Shomil «bundan osonroq ish yoʻq», deganday tirjayib, oʻrnidan turdi. Ammo oʻziga boʻlgan ishonchi bu safar pand berdi: lagerda komissiya bor ekan, Qilichni chiqara olmadi. Xoʻjasiga qoʻngʻiroq qilib vaziyatni bildirgach, «komissiya ketganidan keyin olib kelasan», degan buyruq oldi.

2

Qilich Sulaymonov Asadbekka yoqib qolgan olimning burnini yerga ishqab, tavbasiga tayantirmoqchi boʻlib, oʻzi qazigan chohga oʻzi tushganini bilmay ham qoldi. Agar Hosilboyvachcha sotmaganida bu koʻrguliklar yoʻq edi. Asadbek bir-ikki soʻkib, urishib, keyin aybidan oʻtardi. Hosilboyvachcha nima uchun sotdi, deb hayron boʻlib yurganida Shomil kelib, yanada battar ajablantirdi. «Sotgani nimayu endi mehribonchilik qilgani nima?» degan muammo uni bir nafas boʻlsin, holi qoʻymadi. Lager zoʻrlarining tegajoqliq qilmayotgani, ayniqsa, uyga borib kelishga ruxsat tekkani unda umid uygʻotib, Hosilboyvachchaga nisbatan boʻlgan gʻazab oʻtini oʻchira boshladi.

Uyiga borib, xotini, farzandlarini koʻrib yigʻlab yubordi. Xuddi yosh boladay yigʻladi. Keyin esa... avvallari apoq-chapoq boʻlib yuruvchi ogʻaynilarining xabar olmay qoʻyishganini eshitib, yuragi battar ezildi.

«Qilichxon aka, xizmat bormi?» deb qoʻl qovushtirib turuvchilar, «Qilichboy oshnam, sendan boshqa hech kimim yoʻq bu dunyoda, oshnam ham, akam ham, otam ham oʻzingsan», deguvchilar, «Qilichbek, oʻla-oʻlgunimcha qarzdorman, sendan tonsam — Xudo ursin!» deb ont ichuvchilar qaylarda qolishdi ekan? Qilichdan hazar qildilarmi, yo Asadbekdan qoʻrqdilarmi?
— Eson-omon kutulib chiqay, bu dayuslar bilan hisob-kitob boshqacha boʻladi, — dedi Qilich xotiniga.
— Qoʻying, tinch yashaylik. Xudoga soling, jazosini Xudo bersin ularni, — dedi xotini.

Qilich belgilangan vaqtda lagerga qaytdi. Birov undan «qayoqdan kelyapsan, kim chiqardi seni?» deb soʻramadi. Yotoqqa kirib, olib kelgan yemak-ichmaklaridan bir ulushini xona toʻrida davra qurib oʻtirganlarga berdi. Taomil shu: uydan olinajak har narsaning sarasi shularga berilishi shart. Ayrimlar «oʻzim yemasam yemay, qulogʻim tinch boʻlsin», deb hammasini tutqazib qoʻya qoladi.

Qilich bu yerga bir yil oldin kelgan eski tanishi Shoalini taklif etib, karavoti ustiga kichik dasturxon tuzadi. Non ustiga norindan solib mehmon qila boshladi.
— Norinni koʻrsam, doim bir voqea esimga tushadi, — dedi kulib Shoali, bir chimdim norinni ogʻziga olib borib. — Bir qadrdonimiz boshqa viloyatdan kelin tushiradigan boʻldi-yu, biz oʻsha yoqqa toʻy olib bordik. Kechasi poezdga oʻtirib, ertasi azonda manzilga yetdik. Izzat-ikrom zoʻr boʻldi. Bir mahal qarasak, norin kirdi. Biz olib borgan tugunlar ichida norin ham bor ekan. Yetib kelishguncha norin sovub qolibdi, deb istishibdi, deng. U yerlarda norin qilishmas ekan-da...
— Har joyning taomili oʻziga yarasha-da, — dedi Qilich kulib.

Shoali norindan ikkinchi yo uchinchi olishida xona toʻridagi davraboshi oʻrnidan turib, bularga yaqinlashdi. Kuylak kiyishni yoqtirmaganidanmi, yo badanidagi xilma-xil suratlarni koʻz-koʻz qilishni yaxshi koʻrganidanmi, yarim-yalangʻoch yuruvchi bu Zoʻr birovga bejiz yaqinlashmas edi. Uning kimgadir yaqinlashuvi yo musht tushirish bilan, yo boʻyniga bir nima ilish bilan yakunlanardi. Shu sababli Qilich uning oʻzi tomon kelayotganini koʻrib, xavotirlandi.

U Qilichga roʻpara boʻldi-da:
— Bratan, bu yoqqa qaravoring, — deb eshik tomon yurdi.

«Nima gunoh qilibman, yo ovqatdan bir nima chiqdimi?» deb hadiksiradi Qilich.
— Bratan, kelganingizga toʻrt oydan oshdimi? — dedi Zoʻr, eshikka yetmay toʻxtab.
— Oshdi, — dedi Qilich, bir qadam berida toʻxtab.
— Birov chertdimi?
— Yoʻq.
— Nimagaligini bilasizmi?
— Yoʻq.
— Qosh-koʻzingiz chiroyli boʻlgani uchun emasdir, a? U yoqdagi boyvachcha bratanlarning hurmati bor. Ular nima desa, bizga zakon, gap yoʻq. Lekin haddingizdan oshsangiz, otvechayt qilasiz. Siz kimni siylayapsiz, bilasizmi.
— Ha, bilaman. Eski tanishim.
— Uni hech kim ovqatga taklif qilmaydi, sezmaganmisiz?
— Yoʻq.
— Kallavaram ekansiz. U bilan hech kim birga ovqat yemasligi kerak. Zakon shunaqa.
— Nega?
— Negami? U bir paytlar ment boʻlgan.
— Yoʻgʻ-e, u doʻkon mudiri edi.
— Oʻzidan soʻrang. Biz yanglishmaymiz. Zakonni buzganning ishi chatoq boʻladi. Amma-xolasiga qarab oʻtirmaymiz.

U shunday deb Qilichga qattiq tikildi-da, joyiga qaytdi.

Shoali Qilichdagi oʻzgarishni bir qarashda sezdi:
— Nima gap? Ovqat berma, deyaptimi?
— Ha... ment boʻlgan deydi.
— Bular har baloni bilishadi. Oʻttiz yilcha oldin harbiy xizmatdan qaytganimda oʻn kuncha milisada ishlaganman. Yoshlikda qiziqish boʻlgan-da. Oʻshanda adam rahmatli qulogʻimni burab, boʻshatib olgan edilar. Shu yerda eslatishdi buni. Bularning qonuni butunlay teskari: u yoqda bir hujjat toʻldirsak, oʻzing qamalganmisan-yoʻqmi, qarindoshlaring ichida sudlanganlar bormi yo yoʻqmi, chet ellarda qarindoshlaring bormi, deb surishtirishadi. Bular esa «milisada ishlaganmisan, milisada qarindoshlaring bormi, komsomol yo kommunist boʻlganmisan», deb surishtirib, shunga qarab muomala qilishadi. U yoqda ozgina xarajat qilib hujjatni eplashtirish mumkin. Bu yoqda gapning ham foydasi yoʻq, pulning ham. Siz bilan biz ularning qatorida boʻlishni istasak ham davralariga qabul qilishmaydi. Bizdan nafratlanishadi. Taklif qilganingizda rad etib, tushuntirmoqchi edim, sizga munosabatlari oʻzgacha, indashmas, deb oʻylabman.
— Oʻttiz yil oldingi gapning bularga qanday foyda-zarari bor?
— Hech qanday. Faqat ular oʻz qonunlarini buzishmaydi. Ularning qonunida imtiyoz, izoh, sabab degan gaplar yoʻq.
— Bularga ta’sir oʻtkazadigan odamlardan iltimos qilib koʻraymi?
— Qaydam? Foydasi boʻlarmikin? Ba’zi masalalarda ularga Xudoning oʻzi ham bas kelolmas, — Shoali shunday deb xoʻrsindi. — Ha, mayli, boshga tushganni koʻz koʻrar... Bolaligimizda adam rahmatli buzoq olib bergan edilar. Qarasak, hammayogʻini kana bosibdi. Bittadan terganmiz. Bilasizmi, Qilichbek, biz oʻsha kana bosgan buzoqqa oʻxshaymiz.

Qilich kulimsiradi:
— Qoʻysangiz-chi, Shoali aka, oʻxshatishga topgan jonivoringizni qarang. Hech boʻlmasa buqa deng... — deb gapni hazilga burmoqchi boʻldi.
— Biz buqa boʻlolmaymiz, yoʻl berishmaydi bunga. Odamlar bizlarga havas qilishadi, a? Pulni qoplab topadi, yegani oldida, yemagani ketida, deyishadi. Toʻgʻri, topamiz. Lekin topganimizning hammasini oʻzimiz yemaymiz-ku? Xaridordan bir soʻm urib qolsam, menga oʻn tiyini qoladi. Lekin hammmaning koʻzi oldida men oʻgʻriman, men muttahamman. Toʻqson tiyinni yeb yotganlar bilan hech kimning ishi yoʻq. Ular farishtaga oʻxshab yurishadi. Chiroyli gapirishadi, chiroyli kiyinishadi. Ularga qarab turib etagida namoz oʻqiging kelib ketadi. Ichi yorib qaralsa-chi? Hamma buzuqliklarni koʻrib, koʻngling agʻdariladi. Ha... Biz buzoqmiz. Kanani hech kim tergani kelmaydi. Sillamizni quritishib, soʻng yaxshi semirmadi, beradigan qoni kam deb, qassobga oshirishadi, — Shoali shunday deb fotiha oʻqidi. — Joyimga boray, qarab-qarab qoʻyishyapti, yana sizga osilib yurishmasin.

Qilichning tanishiga mehr koʻrgazgani beiz ketmadi — nonushtada unga non «etmay qoldi». Sal narida oʻtirgan Zoʻrning qarab-qarab qoʻyishidan bildiki, bu kechagi qilmishi uchun berilgan mukofot. Yanada oydinroq aytilsa — ogohlantirish. Ishga ketayotganida bir yigit qattiq turtib oʻtdi. Uzr soʻrash oʻrniga tirjayib qoʻyishidan fahm etdiki, bular bilan hazillashib boʻlmaydi. U kun boʻyi bir narsani oʻyladi— bu yerdan chiqarib olishga Hosilboyvachcha jur’at etolmas, Asadbekdan yordam soʻrash kerak. «Xat yozib chiqaraman, yo xotinim borib oyogʻiga yiqiladi. Shuncha azob chekkanim yetar».

Shu fikrga kelib turganida unga «shaharni bir aylanib kelish uchun» ruxsat berishdi.

Lager darvozasidan sal naridagi mashina oldida Shomilni koʻrib, ajablandi. «Tinchlikmikin?» deb koʻngliga xiralik oraladi. Shomil «Tezroq yur», deganday qoʻl siltab, joyiga oʻtirdi. Qilich qadamini tezlatdi.
— Boʻssning gapi bor ekan, — dedi Shomil.
— Qanaqa gap?
— Bilib qoʻy: Boʻss yaxshi gapi boʻlsa chaqiradi. Yomon gapi boʻlsa oʻzim yetkazib qoʻya qolaman. Sen uning oyogʻini yalashing kerak, bildingmi?

Ular kirib kelishganda Hosilboyvachcha shirakayf boʻlib olib bir qiz bilan maishatni boshlayman, deb turgan edi. Shomil bunaqa holatga koʻnikib ketgani uchun hech bir mulozamatsiz ichkari kirib stol ustidagi fin pivosidan bittasini ochib, ichdi. Qilich Asadbek huzuriga koʻp kirgan, ammo bunaqa holatni uchratmagan edi. Maishatga ishqiboz boʻlgan Kesakpolvon ham bunday qiliq qilmasdi. Shu sababli Qilich ichkari kirishni ham, kirmaslikni ham bilmay, ostonada turib qoldi.

Hosilboyvachcha unga bir qarab qoʻydi-yu, qizni erkalashda davom etdi. U befarosat edimi yo «koʻrib qoʻy, bu dunyoda men istagan ishimni qila olish qudratiga egaman», demoqchi boʻldimi — bunisi Qilichga qorongʻu.

Hosilboyvachcha qizning baqbaqasidan chimchilab Shomilga qaradi-da:
— Qalay, zoʻrmi?
— Gap yoʻq, shikalad! — dedi Shomil, keyin Qilichga qaradi. — Qoqqan qoziqday turishini qarang uni, kiravermaysanmi? Oʻzingning akang-ku!

Qilich oʻzidan bir necha yosh kichik «oʻz akasi»ga yana bir marta salom berib, ichkari sari ikki-uch qadam qoʻydi.

Hosilboyvachcha qizni tizzasidan tushirib, «narigi xonaga kirib tur», dedi-da, Qilichga roʻparasidan joy koʻrsatdi. Shomil chaqqonlik bilan qadahlarga konyak quyib avval xoʻjasiga uzatdi. Hosilboyvachcha aftini bujmaytirib, «ichmayman», deb qoʻl siltadi. Qilich ham rad etmoqchi edi, Shomil:
— Sen ich, — deb buyurdi.

Qilich uning amrini bajardi.
— Nimaga chaqirtirganimni bilasanmi? — dedi Hosilboyvachcha.
— Bilmayman.
— Men seni sotdim, a?

Qilich javob bermay, boshini egdi.
— Sotdim. Nega toʻgʻri gapdan qoʻrqasan? Nima uchun sotdiykin, deb oʻylamadingmi?
— Oʻyladim.
— Xoʻsh, nimaga sotdim?
— Ming oʻylasam ham sababini bilmadim.
— Bilish uchun aql kerak. Aql kimda boʻladi? Aql odamda boʻladi. Sen odammisan? Shomil bu odammi?
— Aft-basharasi oʻxshaydi.
— Aft-bashara itda ham, eshakda ham bor. Bilib qoʻy — sen odam emassan. Sen, — Hosilboyvachcha unga tikilganicha oʻylandi-da, soʻng soʻzini davom etdi. — Sen — goʻng titadigan qoʻngʻizsan. Makoning goʻng, yemishing goʻng. Shuning uchun dunyoni goʻngdan iborat deb oʻylaysan. Men seni Bek akangga sotdim. Meni sotqin deyayotgandirsan, a?
— Yoʻq.
— Shuning uchun ham ahmoqsan. Sen xoinlik qilding. Seni yedirib-ichirayotgan odamga xoinlik qilib, mening agaroʻdimdagi goʻngni titmoqchi boʻlding. Shomil, oʻz xoʻjayiniga xoinlik qilgan goʻngqoʻngʻiz menga xalol xizmat qilib beradimi?
— Bunaqasi boʻlmagan.
— Ana, eshitdingmi, baloni biladi bu gʻilay. Hali bunaqasi boʻlmagan, deyaptimi, demak, boʻlmagan! Lekin sen menga keraksan. Kerak boʻlganing uchun sotdim. Xoinlik uchun jazolanishing lozimligini bilishing kerak edi. Mening nimalarga qodir ekanimni bilib qoʻyishing shart edi. Endi seni chiqarib olaman. Sen Asadbek akangda ishlayverasan, lekin menga xizmat qilasan. Shunga rozimisan?
— Roziman.
— Darrov rozi boʻlma, avval oʻyla. Bek akangdan qoʻrqmaysanmi?
— Siz borsiz-ku?
— Menmi? — Hosilboyvachcha kuldi. — Men seni deb Bek bilan olishmayman. Eplasang oʻynaysan bu oʻyinni, eplamasang oʻtiraver.
— Eplayman.
— Shomil, eshitdingmi? Eplar ekan. Demak, oʻyinga kirdi. Kartalar tarqatildi. Koʻnga nima tikasan?
— Bilmayman, aytganingiz.
— Joningni, — dedi Shomil gʻilay koʻzini oʻynatib.

Bu gapdan Qilich bir qalqib tushdi.
— Nima, qoʻrqyapsanmi? — dedi Hosilboyvachcha. — Bitta joning bilan qutulsang katta gap. Bu yoqda bola-chaqang bor...
— Faqat... bolalarimni oʻrtaga qoʻshmaylik.
— Oʻzing bilasan. Men aytdim-qoʻydim. Shunga qarab oʻynayverasan.

Hosilboyvachcha shunday deb oʻrnidan turdi-da, kerishib qoʻyib, qiz kirib ketgan xona sari yurdi.

Shomil quyib uzatgan konyakni bir koʻtarishda boʻshatgach, Qilich iziga qaytdi.

3

Zaynab... Koʻzlari gʻamgin boquvchi, sochlari parishon toʻzigan Zaynab... Etagi toʻpigʻini berkitib turgan, yengi barmoqlarining uchlariga qadar tushgan harir oq koʻylakda. Oqqush kabi suzib yuradi. Javdiragan koʻzlari nimanidir axtaradi.

«Zaynab, nimani qidiryapsan? — deydi Elchin.
— Bolamni... bolam qani? — deydi Zaynab yigʻlamsirab. Soʻng hech kutilmaganda Elchinning boʻgʻziga chang solib, boʻgʻa boshlaydi... — Bolamni topib bering, bolamni...»

Elchin boʻgʻilib, xirillay boshlaydi.. Ana shu xirqiroq uni uygʻotib yubordi. Yumshoq oʻrindiqqa yastanib, oyoqlarini uzatib oʻtirgan edi. Koʻzi ilinibdi. Soatga qaradi: oʻn daqiqagina mudrabdi. Shu uyqusida koʻrgan tushi — Zaynab.

Kunduzi kasalxonaga borgan edi. Odatdagicha qaynonasi bilan koʻrishib qaytdi. Qaynonasi ham kamgap: «Sogʻligʻi yaxshi, yotibdi», degan gapdan nariga oʻtmaydi. Elchin bugun «oʻrnidan turib, yuryaptimi?» deb soʻrab, «ha, yuryapti» degan loʻnda javob oldi. «Yurayotgan boʻlsa, nima uchun chiqmaydi?» deb soʻramoqchi edi, negaligini oʻzi bilgani uchun savoldan oʻzini tiydi.

Ziyrak Manzura kuyovining koʻzlariga qarab, soʻramoqchi boʻlgan soʻrogʻini angladi. «Huzuringizga qanday chiqsin? Jon achchigʻida bema’ni gapni aytib yubordi. Endi yuzi shuvut. Bundan keyingi turmushinglar qanday boʻladi, men hayronman», demoqchi boʻldi-yu, kuyovidan sado chiqmagani uchun indamay qoʻyaqoldi. Sukut bilan berilgan savolga javob ham sukut bilan boʻldi.

Bolasini koʻmib kelganidan beri Elchinning koʻziga dunyo qorongʻu boʻlib koʻrinadi. «Bolang oʻlik tugʻildi», degan xabarni eshitganida avvaliga «bu chirkin dunyoning sassiq havosidan nafas olib yashashni istamabdi» degan xayolga bordi. Bolani tuproqqa topshirgach, goʻyo yuragidan bir narsa uzildi, goʻyo oʻsha «bir narsa» ham tuproq ostiga koʻmildi. Oʻsha — «bir narsa» nima edi? Umidmi edi? Bu dunyoda baxt ham mavjudligini anglatishi mumkin boʻlgan najotmi edi? Umid oʻldimi, najot koʻmildimi? U holda bu dunyoda nima qoldi? Faqat qasosmi? Faqat qoʻrquvmi? Faqat hasadmi?.. Endi yashamoqdan maqsad nadir? Oʻlik ruhi endigina qayta jonlanayotgan edi, yuragida koʻz yumib yotgan mehr endigina uygʻonayotgan edi. Alhol bu ruhning tirilmogʻiga hojat bormi? Bu yurakka mehr lozimmi endi?..

Elchin aql-hushidan ayrilib, devona holiga keldi, deyish haqiqatga xilofdir. Agar u devonavash boʻlganida edi, bu dunyoda yashab yurmogʻi osonroq kechardi. Mol-dunyosini koʻpaytirish uchun qumursqaday gʻimirlab, kezi kelganida esa vahshiy hayvon singari bir-birini gʻajiydigan odamlardan kulib yuraverardi.

Uning esi joyida edi. Oqni qoradan ajrata olardi. Ammo katta shaharga kelib, chorrahada gangib turgan odam holida edi — qaysi koʻchaga kirishni aniq bilmasdi. Qamoqda ekanida tuzgan rejalari xom ekan, tuzdan solingan qasr ekan — bir yomgʻirning zarbiga ham dosh berolmadi — erib ketdi. Asadbek bilan sherdek olishaman, deb oʻylagan edi, ammo gʻanimning quyon emas, oʻz nomiga yarasha arslon ekanini hisobga olmabdi. Endi nima qilsin? Zelixon ketdi. Qachon qaytishi noma’lum. Suyanadigan togʻi oʻsha edi. Endi kimga suyanadi, kimdan maslahat soʻraydi? Anvardanmi? U falsafa soʻqishdan boshqa narsa bilmaydi. Bugun kelib «Asadbekning otasiga taalluqli arxivni oʻrganyapman, zoʻr odam boʻlgan ekan katta qaynotang», deb ketdi. Elchinning dardi qayda-yu, Anvarniki qayda!

Anvar gapirib-gapirib, oʻzi ham charchab, Elchinni ham charchatib ketdi. U ketgach, Elchin yumshoq oʻrindiqqa yastanib, koʻzi ilinibdi...

Elchin koʻngil xiraligi tarqalarmikin, degan niyatda hovliga chiqib muzdek suvda yuvindi. Bir oz rohatlanganday boʻldi. Ammo bu huzur uzoq davom etmadi. Uyga qaytib kirishi bilan etagiga ilashib yurgan dardli oʻylar yana vujudini qamrab oldi. Koʻz oldiga oq libosdagi Zaynab keldi.

«Bolangiz tugʻilgandan keyin meni oʻldiring!.. Men... sizga xiyonat qildim... Men... Yashashni istamayman... Jamshid akamning yonlariga borishni xohlayman... Erkak boʻlsangiz meni oʻldirasiz!..»

Yoʻq, bu gaplarni tushida eshitmadi, oʻngida oʻz qulogʻi bilan eshitgan. Ba’zi odamlarning oʻng qulogʻidan gap kirib, chap qulogʻidan chiqib ketsa, Elchinning ikki qulogʻidan kirib, toʻgʻri yuragiga borib, muhrlanib qolgan. Boʻsh qoldi deganicha gʻimirlab kuydiraveradi. Hozir koʻrgan tushi eski yaralarni yana timdaladi.

Ruhi shu zaylda azob chekib oʻtirganida eshik qoʻngʻirogʻi jiringladi. Toʻy mavsumi boshlangani uchun uni yoʻqlab keluvchilar koʻpaygan, hatto joniga ham tekkan edi. Hozirgi tashrif ham shulardan biridur, deb oʻylab, gʻijindi. Tashqariga chiqqisi kelmadi.

Bolasini tuproqqa topshirib kelgan kuni kechki payt qoʻngʻiroq xuddi shunday jiringladi. Biror kishi koʻngil soʻrab kelgandir, deb oʻyladi. Ayni damda u koʻngilga taskinlik bera oluvchi odamga muhtoj edi. Afsuski, oʻylagandek boʻlmadi. Tavoze bilan salomlashgan odam uni toʻyga aytib kelgan edi. «Toʻyimizni oʻzingiz qizitib berasiz, aytganingizdan bir soʻm kam bergan — nomard», deb gap boshlashining oʻzidayoq Elchinning joni halqumiga keldi. «Bu odam tashvishimni bilmaydi-ku», deb oʻzini bosib, e’tibori uchun minnatdorlik bildirib, taklifini rad etdi. U odam buni san’atkorning noz-firoqi deb anglab, elanishni bas qilmadi. Toqati toq boʻlgan Elchin tashvishini aytishga majbur boʻldi. «Toʻy yigirma besh kundan keyin-ku, Hofiz aka? Undan keyin bunaqa bolaga aza tutilmaydi», degan javobni eshitib, uning yoqasidan boʻgʻib olganini oʻzi ham sezmay qoldi. «Yigirma besh kundan keyin bola tirilib keladimi?» deb boʻralab soʻkdi. Toʻyga aytib keluvchi xayr-ma’zurni ham nasiya qilib joʻnab qolgach, «Meni odam deb aytib kelgan ekan, tushuntirsam boʻlardi...» deb qilgan ishidan afsuslandi. Uni odam deb emas, hofiz ham deb emas, balki Asadbekning kuyovi boʻlgani uchun taklif qilayotganini Elchin fahm etmadi.

U hozir eshik ochgani borayotib shularni eslagach, yana gʻijindi. Eshikni ochib, bashang kiyingan, tavoze bilan salom berguvchini emas, yengi kalta kuylak kiygan, qoruvli, qirgʻiy koʻz yigitni koʻrib, ajablandi. «Adashib kelgandir», deb xayol qilib, uning yorilgan labiga, shilingan yonogʻiga qarab qoʻydi.
— Elchin aka siz boʻlasizmi? — deb soʻradi yigit.
— Ha, men...
— Sizda zarur gapim bor. Ostonadan haydamang, iltimos.

Yigitning gapi Elchinga malol keldi.
— Mehmonni ostonadan haydaydi, deb eshitgan edingizmi?
— Ozgina toʻporiligim bor, aka, aft-basharamni koʻrib, gaplashmay qoʻyasizmi, deb qoʻrqdim-da.
— Yigitchilikda aft-bashara degan shunaqa boʻlib turadi. Qani, kiravering. Ostonada turib gaplashishning xosiyati yoʻq, deyishadi.

Yigit ortiqcha takalluf kutmay avval hovliga, soʻng mehmonxonaga kirib, Elchin koʻrsatgan joyga oʻtirdi. Koʻz qarashlariga qarab, uni bu yerga ogʻir dard boshlab kelganini fahmlash mumkin edi. «Bu yigit kim? Asadbekning dastyorlaridanmi yo Asadbekning odamlaridan tepki yeb alamzada boʻlganlardanmi», deb oʻyladi Elchin. Yigit maqsadini aytishga qiynaldi. Barmoqlarini oʻynab qisirlatdi. Elchin:
— Siz mening ismimni bilarkansiz, men esa... — deb gap boshlagan edi, yigit tilga kirib, soʻzlarini boʻldi:
— Ismim Halimjon.
— Ismingiz jismingizga mosga oʻxshamaydi?
— Toʻgʻri, halimdek emasman. Men oʻzi... «choʻrniy poyasman»1
— Zoʻriga tushib qoldingizmi? — dedi Elchin uning yuziga ishora qilib.
— Zoʻrlariga... Gap bunda emas. Kaltak yegan bilan odam oʻlmaydi, aka. Qornimga emas, qadrimga yigʻlayman, degan maqol bor-ku? Boshimga bir ish tushdi. Oʻylab-oʻylab chorasini topdim. Sizdan najot istab keldim.
— Najot? — Elchin kulimsiradi. — Mendan qanday najot kutish mumkin?
— Agar dardimga tushunsangiz, yuragingizda rahm-shafqat boʻlsa, yordam bera olasiz.
— Halimjon, siz gapni juda uzoqdan boshlayapsiz. Dardingizni yigitchasiga shartta-shartta ayting.
— Boʻladigan gap shuki, bir qiz bilan ahdu paymonimiz bor edi. Otasi unamabdi. Qizni oʻqishdan chiqarib yurtiga olib ketishdi. Izma-iz bordim. Qizni olib qochdim, desam ham boʻladi. Uning ham koʻngli toza, meniki ham toza edi. Nikoh oʻqitamiz, deb turuvdim. Bilmayman, qaerdan is olishdi, kecha kechqurun turgan yerimizga bostirib kirishdi. Qizning otasi, akalari bor. Akalari urishdi, ularga tegmadim. Keyin yana uch-toʻrttasi paydo boʻlishdi. Bittasi gʻilay, juda beayov ekan. Ular bilan olishdim. Lekin hammasiga bas kelolmadim. Qoʻl-oyogʻimni bogʻlab, mashinani yukxonasiga bosishdi. Ancha yurishdi. Keyin bir joyda toʻxtab, meni yukxonadan olishdi. Qarasam, daryo boʻyi. Hammayoq axlat, tosh. Suv boʻylab ketgan uzun quvurga roʻpara qilishdi. Quvurning ichida engashib bemalol yursa boʻladi. Gʻilay qornimga bir tepib, bukchaytirdi. Sochimdan tortib quvurga kiritmoqchi boʻldi.
— Kir, quvurga! — deb soʻkdi.

Bildimki, kirsam — oʻlaman. Qarshilik koʻrsatishga kuchim qolmagan. Birdan xayolimga gʻalati gap keldi:
— Bu ishingni Asadbek akam bilsalar, urugʻingni quritvoradilar, palid! — deb baqirib yubordim. Nimaga shunaqa deganimni hozir ham bilmayman. Xullas, shu gapim ta’sir qildi. «Bir kunning ichida qorangni oʻchirasan, boʻlmasa — oʻlasan!» deb mashinalariga oʻtirib, joʻnab ketishdi. Asadbek degan nomdan qoʻrqishdimi, demak, yo oʻshaning odamlari yo undan qoʻrqadigan boshqa toʻdaning odamlari, deb oʻyladim. Men Asadbek degan odamning nomini eshitganmanu oʻzlarini koʻrmaganman. Faqat shinavanda ulfatlardan sizni u kishiga kuyov boʻlganingizni eshitgan edim. Shu esimga kelib, qora tortib keldim, aka.
— Ish yurishmasa, atala tish sindiradi, degan maqol bor. Sizning ishingiz shunaqa boʻlibdi. Men nima qilishim mumkin?
— Agar ular Asadbek akaning odamlari boʻlsa, bir ogʻiz gapirib qoʻyasizmi? Mening birovga zararim tegmaydi. U qizni yaxshi koʻraman, shuni deb oʻlib ketsam, mayli, roziman...

Elchinning nazarida bu arzon-garov gapday tuyuldi. U:

«Kiprigi — xanjar, karashma — tigʻ,

koʻz tashlash — yashin,

Gar shahid boʻlmoqchi ersang,

Karbalo shu yerdadir»,

degan qoʻshigʻi bilan mashhur boʻlganidan beri «sening ishqingda oʻlishga roziman» degan ashulalarni aytib yurgani uchun ham shunday tuyuldi. U ishq yoʻlida qurbon boʻlishga tayyor oshiqlarni kinolarda koʻrgan, kitoblarda oʻqigan, ammo bunday roʻpara boʻlmagan edi. Halimjon «oʻlib ketsam, mayli, roziman», deb oʻylab, astoydil gapirdimi yo shunchaki tilidan uchdimi? Nahot muhabbati uchun jon berishga tayyor yigitlar hozir ham mavjud boʻlsa?! Elchinning nazarida hozirgi yigitlar saqich chaynashdan boshqa narsaga yaramay qolishgan, ularda bunday tuygʻuning mavjudligi mumkin emasday edi. Halimjon aytgan gapning arzon-garov tuyulishiga yana bir sabab shu boʻldi. Qiziq-da, atrofda xushsurat qizlar koʻp, daraxtni tepsang shoxidan barg emas, huriliqolar yogʻilib tursa... Xoʻp, biriga koʻngil qoʻyding, koʻnmadi. Ana, navbatda yana oʻntasi koʻzlarini suzib turibdi. Ikkinchisi boʻlmasa, uchinchisi... Elchin yigitlarni zimdan kuzatib, shu xayolga kelar edi. Hozir Halimjonning sukutga berilganidan foydalanib, unga zimdan tikildi. Uning lablari, barmoqlari titramas, koʻzlarida yolborish nuri yoʻq, aksincha, qat’iyat zuhur edi.
— Qiziq gapni aytdingiz, — dedi Elchin, sukutni uzoq choʻzilishiga yoʻl qoʻymay, — agar «boshqa chorangiz yoʻq ekan, inim, mana bu zaharni ichingu tinchingizni toping», desam koʻnasizmi?

Halimjon unga ajablanib qaradi:
— Kalaka qilyapsizmi, aka?
— Shunchaki soʻradim-da.
— Aka, men huzuringizga yigʻlab kelganim yoʻq. Zahar ichib oʻladigan ahmoq emasman. Oʻlsam ham olishib oʻlaman, — Halimjon shunday deb shasht bilan oʻrnidan turdi.
— Toʻxtang, qizishmang, oʻtiring.

«Azal kotiblari ushshoq baxtin qora yozmishlar, bu mazmun ila xat ul safhai ruxsora yozmishlar».
— Nima deyapsiz, tushunmadim?
— Joyingizga oʻtiring, Halimjon, oʻylab koʻraylik-chi. Siz menga oʻsha yigitlarning aft-angorini tasvirlab bering. Boshligʻi gʻilaymi? Gavdali baquvvat odammi? Yoshi... oʻttiz besh-qirqlarda, a?

Halimjon voqeani qaytadan bayon qildi. Elchin gʻilayni esladi. Uni xor etgan oʻsha toʻyda Hosilboyvachchaning atrofida ishshayib aylanib yurgan gʻilayni koʻrgan edi.
— Asadbekning odamlari orasida bunaqa yigitlarni koʻrmaganman. Lekin men surishtiray-chi. Avval ularning kimligini bilay, soʻng chorasini izlaymiz.— Shu onda Elchinning xayoliga bir fikr kelib, ilmoq tashlab koʻrishni ma’qul topdi: — Agar bu ishga Asadbek aralashsa, u haq talab qiladi.
— Qanaqa haq? Pulmi? Menda pul yoʻq, aka, ketmonchining bolasiman.
— Pul emas... agar u sizning «choʻrniy poyas» ekaningizni bilsa, xizmatga taklif qilishi mumkin.
— Xizmatdan qochmayman.
— Nima xizmat, deb soʻramadingiz-ku?
— Aka, nima xizmat ekaniga aqlim yetib turibdi. Odam oʻldir, demasa bas. — Halimjon shunday degach, qaytishga izn soʻradi.

Kutilmagan mehmon ketgach, Elchin anchagacha hovlida aylanib yurdi. U xizmat masalasida atayin ilmoq tashlagan edi. Yaqinginada yolgʻiz qolganidan siqilib turuvdi, bu yigitni Xudo yetkazdimi, bilmaydi. Nima uchundir bir suhbatdayoq unga ishongisi keldi. «Asadbek hammani ham xizmatga olavermaydi, qaysi yoʻl bilan boʻlsa-da, bu yigitni tavsiya etish kerak», deb oʻyladi Elchin.

Halimjonning qiz uchun olishib oʻlish haqidagi gapi Elchinning xayoliga oʻrnashib qoldi. U ham oʻzini chin oshiqlar safiga qoʻshardi. Noilasini sevardi. Ammo Noilaga yetisholmagan taqdirda oʻlishi mumkin yo mumkin emasligini oʻylab koʻrmagan edi. Noilaga osonlik bilan yetishgani uchun balki shunday boʻlgandir. Ha... osonlik bilan yetishgan edi, osonlik bilan ajradi. Ana oʻshanda oʻlimni boʻyniga oldi. «Qamashsin, otishsin», dedi. Katta xato qilganini keyinroq angladi. «Bu yigitning aqli joyida, oʻlsa ham olishib oʻladi», deb oʻyladi Elchin.

U nima qilishini rejalashtirgach, Hosilboyvachchanikiga qarab yoʻl oldi.

Hosilboyvachchaning hovlisi Asadbeknikiga nisbatan kengroq va shinamroq edi. Favvorali hovuz oʻrtasiga qurilgan shiyponda Hosilboyvachcha Shomil bilan nard oʻynab oʻtirardi. Elchinni qarshilagan yigit uni shiypon yoniga qadar kuzatib kelib, orqasiga qaytdi. Hosilboyvachcha oʻyindan bosh koʻtarmagan holda Elchinning salomiga alik oldi. Elchin Hosilboyvachchaning oliftagarchilik qilishini kutgan edi, ammo bunaqa toʻnkalik qilar, deb oʻylamovdi. Bunday «lutf»ga e’tibor bermagan boʻlib, ikki qadam narida turganicha oʻyinni kuzatdi. Shunda Shomilning bilagidagi cherkov tasviri diqqatini tortdi. «Mayda oʻgʻrilardan ekan-da», deb qoʻydi. Oʻyinni kuzatib, yana bir narsani sezdi: Hosilboyvachcha gʻirrom oʻynardi. Kataklarni toʻldirishda toshchalarning tushishiga qaramasdi. Shomil esa xuddi buni payqamagandek, tirishib oʻynardi.
— Mors! — dedi Hosilboyvachcha xursand holda.
— Tosh yaxshi tushmadi, — deb oʻzini oqlamoqchi boʻldi Shomil.
— Tosh yaxshi tushib tursa qozoq xotin ham yutadi, — Hosilboyvachcha shunday deb kerishib, Elchinga yuzlandi. — Keling, Hofiz aka, nimaga turibsiz, oʻtiring. Nechuk biz gʻaribu gʻurabolarni yoʻqlab qolibsiz?

Hosilboyvachcha «kelib koʻrishar» deb oʻylagan edi, Elchin buni «unutganday» Shomilning yonidagi boʻsh kursiga oʻtirdi.
— Toqqa togʻning ishi tushmas ekan, odamga odamning ishi tushib turarkan.
— Shomil, eshitdingmi? Hofizda aql koʻp. Nardaga hushingiz qalay, bir tashlashamizmi?
— Xohishingiz.
— Mors boʻlmasangiz, doʻppingizni osmonga otasiz, — u shunday deb donalarni terdi.

Elchin qarasaki, yana oʻyinni gʻirromdan boshladi. «Notoʻgʻri yuryapsiz», deb oʻtirmay u ham gʻirromga oʻtdi.
— Yurishlaringiz sal boshqacharoqmi? — dedi Hosilboyvachcha buni sezib.
— Yurishlarim binoyi. Men raqib taklif etgan usulda oʻynashni yaxshi koʻraman.
— Men... raqibmanmi sizga?
— Men oʻyinni nazarda tutyapman.
— Hayot ham nardiga oʻxshaydi.
— Buni sezmagan ekanman.
— Siz baloni sezasiz, Hofiz, — Hosilboyvachcha shunday deb oʻyinni bas qildi. — Endi ayting, qanday shamol uchirdi?
— Bu akamning shamollari, — dedi Elchin Shomilga qarab qoʻyib.
— Shomil, odam uchiradigan shamoling bor ekan, a? Qoyilman, — dedi kulib Hosilboyvachcha. — Shamoling Hofizniki uchiribdimi, yomon emas ekansan. Nima balo qilib qoʻydi, bu gʻilay? Qattiqroq aksirvordimi?
— Shunaqa boʻlibdi, jiyanimga qarab aksiribdi.
— Jiyaningiz kim?

Elchin voqeaning qisqa tafsilotini aytdi.
— Ilojsiz ish ekan, qizning otasi bilan oldi-berdimiz bor. Jiyaningizga jon shirin boʻlsa, qurisin. Bizning yaxshiligimiz shu.
— Oldi-berdini Bek akamga qoʻyib bersangiz-chi?

Hosilboyvachcha «nahot shu ishdan Bek xabardor?» deganday Elchinga tikildi. Kecha Shomil ishni nihoyasiga yetkazmay, «yigit Bekning nomini aytdi», deb bahona qilganida yetti pushtini oʻqib, boʻralab soʻkkan edi. «Koʻchadagi uchragan iprisqi Bekning nomini aytsa choʻchiyverasanmi!» deb baqirgan edi. Elchinning tashrifi Shomilning gaplarini tasdiqlab uni oʻylantirdi. Elchin Hosilboyvachchaning qarashi ma’nosini anglab, xotirjam, hatto bir oz kulimsiragan holda turaverdi. U bir narsadan tashvishda edi — agar Hosilboyvachcha bu gapga ishonmay, Asadbekka telefon qilguday boʻlsa, ish oldinga siljimay, Halimjonning taqdiri oʻzgarishsiz qoluvi mumkin edi. Xayriyatki, Hosilboyvachcha bunday qilmadi. Ammo u Elchinga toʻla ishona qolmadi. «Bu ishga Bek aralashsa, buni yubormas edi», — Hosilboyvachcha shu toʻxtamga kelib, ishshaydi.
— Oldi-berdini men qildim, dallolga hojat yoʻq. Lekin bu ishning bir ilojisi ham bor. Jiyaningiz uylanmoqchimi unga?
— Ha.
— Shomil, qiz qanaqa ekan oʻzi?
— Shikalad!
— Unda qizni tabarruk qilib beraman. Keyin uylanaveradi. Ha, uylanganidan keyin ham kelinposhsha u-bu xizmatlarni qilib yuradi. Rozimisiz?

Elchinning gʻazabi qoʻzgʻab, labi uchdi.
— Toshni yaxshi tashlamayapsiz, boy, — dedi u nardiga ishora qilib.
— Toshni yaxshi tashlamasam ham oshiqni yaxshi tepaman. Meniki hamisha olchi!
— Omadingizni bersin, — Elchin bu xildagi gaplar yaxshilik bilan tugamasligini bilib, oʻrnidan turdi.
— Hofiz, siz qarta ham oʻynab turasiz, a? Bilib qoʻying, men doimo tuz koʻzir bilan oʻynayman. Sizning qoʻlingizda koʻzir yoʻq, dama toppon bor. Ehtiyot boʻling.
— Boy, men anchadan beri qarta oʻynamayman, shaxmatga oʻrganganman. Shoxni ikkita piyoda bilan mot qilishga oʻrganib ketganman. Shunga oʻzim ham hayron boʻlib qolaman.

«Shirin suhbat»ga shu bilan yakun yasaldi. Elchin qanday «lutf» bilan kutib olingan boʻlsa, shunday «lutf» bilan kuzatildi. U shunday boʻlishini kutgani uchun ham bu yerga kelgan edi. Hozir Hosilboyvachcha Hofizni xor etganidan quvonib oʻtiribdi. U bilmaydiki, Hofiz rejasi boʻyicha hozir Chuvrindinikiga boradi. Chuvrindi uning gaplarini diqqat bilan eshitadi. Halimjon unda ham qiziqish uygʻotgach, telefon goʻshagini koʻtarib, lozim raqamni teradi-da:
— Boy, jensovetga rais boʻlgan emishsanmi, muborak boʻlsin, — deb gapni kalta qiladi. Mana shundan keyingina bu ishga Asadbek aralashganini anglab, alamini Shomildan oladi. Oʻzicha «shu qizni baribir tatib koʻraman», deb ahd qiladi.

XI bob

1

Chuvrindi mashinani darvozasiga taqab toʻxtatishi bilan daraxt soyasida oʻtirgan kishi qaddini rostladi. Baland boʻyli, yelkalari keng bu kishini bir qarashdayoq tanib, yuragi uvishdi. Necha yildan beri bu odam bilan uchrashishdan choʻchiydi, oʻzini undan olib qochadi. Qishlogʻiga borgan kezlari uni bir-ikki uzoqdan koʻrib, roʻpara kelmaslik uchun yoʻlni burdi. Qishloqda Hovuz polvon ismini olgan bu odam ham insof qilib uni ta’qib etmadi. Uchrashish u yoqda tursin, uni oʻylasa ham yuragi uvishardi. Chuvrindi bilib qilgan koʻp gunohlari orasida mana shunisini hech kechirolmaydi. Hovuz polvon qamoqdan chiqib kelib uni yaxshilab doʻpposlaganida, hech boʻlmasa soʻkkanida bunchalik qiynalib yurmas edi. Bilagida devning kuchi bor bu odamning keng fe’l ekanini koʻpchilik bilmasa ham Chuvrindi yaxshi biladi.

Mahmud dastlab uni koʻrganida yosh bola edi. Ularning qishloqlarida beshta hovuz boʻlardi. Uchtasidan odamlar suv ichardi, biri mol hovuz, biri ot hovuz edi. Sunbula tugʻib, suv tinish oldidan bogʻlanib, hovuz picha quritilib, soʻng loyqadan tozalanib, qishga tayyorlab qoʻyilardi. Hovuz polvon qishloqqa shu damda kirib kelgan edi. U haqda Mahmud dastlab bobosidan eshitdi. «Bir polvon kelib, hovuzni oʻziyla tozalab qoʻyibdi-ya...» degan edi. Unga Hovuz polvon degan ismni ham bobosi qoʻygan. Hozir hech kim uni Egamberdi togʻa, deb chaqirmaydi. Bu qishloqda ham, boshqalarida ham hovuzga hojat qolmagan, u ham hovuz tozalamaydi, ammo Hovuz polvon degan nom unga hanuz salobat, izzat baxsh etib turadi.

Mahmud chuvrindi holida shaharga kelib, Kesakpolvon bilan ishlay boshlagan kezlari edi. Bir kuni bozor muyulishida poyloqchilik qilayotgandi. Oʻziga oʻxshagan ikki bola goʻsht bozorda «ov»da, muyulishdan oʻtgandan keyingi choyxonada esa Kesakpolvon pistirmada edi. Bolalarning «ov»i yurishmay, choʻntak kesayotgan mahalda sezdirib qoʻyishsa shu muyulish tomon qochishardi. Qoʻllaridagi borini Mahmudga berishardi-yu, yoʻlni choyxona sari burishardi. Choʻntagi kesilgan jabrlanuvchi choyxonadagi pistirmaga duch kelgach, tuhmatchiga aylanardi-yu, bir-ikki tepki, musht yeb, suvga boʻkkan mushuk holida iziga qaytardi.

Mahmud chuvrindi shunday mas’ul vazifani bajarib turgan onda:
— Mahmudjon bolam, senmisan? — degan jarangdor ovozni eshitib, bir choʻchib tushdi. Orqasiga qaradi-yu, Hovuz polvonni koʻrib quvonib ketdi. Boʻynidan mahkam quchoqlab oldi. Polvon hovuz tozalayotgan paytda bolalar chugʻurlashib atrofidan ketmay qolishardi. U ham charchadim demay, shopmoʻylovini burab ular bilan oʻynashga vaqt topardi. Ba’zan bolalarga ot boʻlib berardi, uch-toʻrt bola uni minib olib, hovuz atrofida «sayr» qilishardi. Bu manzarani koʻrgan kattalar ham miriqishardi. Yetim boʻlgani uchunmi, Mahmudga nisbatan polvonning mehri boʻlakcha edi. Shu mehrdan foydalanib Mahmud «ot»ni koʻproq minardi...
— Bu yerda nima qilib pisib turibsan? — deb soʻradi Hovuz polvon.
— Bitta tanishimni kutib turibman, bozorga kirib ketuvdi, — dedi u.

Oʻshanda «Hovuz polvon togʻam gapimga ishondilar», deb oʻylagan edi. Hovuz polvonning ancha kuzatib turganini, uning nima yumush bilan band ekanini fahmlaganini keyinroq anglab yetdi.
— Yur, men bilan, — dedi Hovuz polvon.
— Qayoqqa? — dedi Mahmud hadik bilan. — Qishloqqami?
— Yoʻq... Oʻzim shu kelishda qishloqdan kelyapman. Paxsachi joʻralarim bor, yozi bilan paxsa uramiz. Kuzga borib, hovuz tozalaydigan vaqt yetganda qishloqqa qaytamiz. Yur, menga qarashasan.

Mahmud goʻsht bozor tomonga oʻgʻrincha qaradi. Bolalar «ov»ni yaxshi tamomlaganlar shekilli, koʻrinishmadi. Bundan koʻngli xotirjam boʻlgan Mahmud unga ergashdi. Uch kun birga boʻldi. Loy tepishdi, choy qoʻydi, osh-ovqatga qarashdi. Ular yangi barpo boʻlayotgan mahallada toʻrt-besh imoratni baholab olishgan, bugun bu bino paxsasini urishsa, ertaga boshqasiga koʻchishardi. Pishiq gʻishtdan qurilgan hashamatli uyning oshxonasi ularga boshpana edi. Hovuz polvon avvalgi yili ham shu mahallada ishlagani uchun odamlar uni yaxshi tanib qolishgan, hurmati qishloqdagidan kam emas ekan. Hashamatli imorat egalari chala-yarim koʻchib chiqishgan, yertoʻla eshigi oldiga bahaybat it bogʻlab qoʻyilganidan bu yerda qoʻlga ilinarli mol-hol borligini anglash mumkin edi. Toʻrtinchi kuni bozorga tushib Kesakpolvonga duch keldi. Qaerda yoʻqolib yurganini aytib, hashamatli uyni ham tilga oldi. Kesakpolvon undan yana ba’zi narsalarni soʻrab bildi. Ertasiga ishdan qaytishganda itning oʻlib yotgani, yertoʻla eshigining ochilib qolganini koʻrib koʻz oldiga darrov Kesakpolvon keldi-yu, qoʻrqqanidan yuragi qinidan chiqib ketayozdi.

Hovuz polvon «Yo, qodir Xudo!» deganicha avval itning tepasiga bordi, soʻng yertoʻlaga tushib chiqdi-da, uy egalarini xabardor qilish uchun ketdi. Bir soatga qolmay uy egasi, it yetaklagan milisalar yetib kelishdi. Itni yertoʻlaga olib tushib hid oldirishgan edi, Hovuz polvonga qarab vovullayverdi. Uni olib ketish uchun shugina kifoya boʻldi. Xudoni oʻrtaga qoʻyib ichgan qasamlariga e’tibor berishmadi. Ular qasamga ishonishmadi, itga ishonishdi. Hovuz polvon milisaning mashinasiga chiqayotganda orqasiga oʻgirilib bir qaradi. Ana shu qarash Chuvrindining xotirasiga muhrlanib qolgan...

Oradan yillar oʻtib, qishlogʻini qoʻmsab birinchi marta borganida itdan qoʻrqqan mushuk boladay pisib yurdi. Bolalikda orttirgan doʻstidan «Hovuz polvon togʻa koʻrinmaydilarmi?» deb soʻrab, «shaharda oʻgʻirlik qilib qamalib ketganlar», degan javobni eshitdi. Bu javobdan soʻng «Polvon togʻa bilan uchrashib qolsam, meni ursa yoki sharmanda qilsa-ya», degan hadik koʻtarildi. Hadik oʻrnini oʻziga nisbatan nafrat egalladi. U Hovuz polvonni qamalgan, deb gumon qilganu ammo koʻp oʻtirar, deb oʻylamovdi. U paytda qoʻlidan hech nima kelmasdi. Oʻgʻri kim ekanini bilsa ham aytishdan qoʻrqardi. Keyinroq gunohini yuvish yoʻllarini qidirdi. Qishloqdagi oʻrtoqlariga «Polvon togʻam toʻy qilsalar albatta xabar beringlar» deb tayinlagan edi. Ular xabar yuborishdi, ammo borishga oʻzida mardlik yetishmadi. Toʻyona berib yubordi, ammo Hovuz polvon qayrilib ham qaramabdi — pulni qanday oʻrab bergan boʻlsa, shu holda qaytib oldi.

Mana, oradan necha yil oʻtib oʻz darvozasi oldida uchrashib turibdi. Chuvrindi xuddi oʻshandagi kabi «Polvon togʻa!» deb boʻynidan quchgisi keldi. Salom bergach, quchoqlashib koʻrishish maqsadida qoʻllarini ikki yonga yoydi. Lekin Hovuz polvon uning shashtini qaytardi — oʻng qoʻlini uzatib qoʻya qoldi. Atayin shunday qildimi yo odati shumidi, Chuvrindi bilolmadi.
— Polvon togʻa, nega uyga kirmay bu yerda oʻtiribsiz? — dedi Chuvrindi gina ohangida.
— Men uyingni koʻrgani kelganim yoʻq, zarur ishim bor senda, — dedi Hovuz polvon. Uning gap ohangi oʻzgarmagan, gina ham, araz ham, piching ham yoʻq edi. Chuvrindi qishloqdan chiqib ketganidan beri odamlarning turli tarzda gapirishlariga oʻrganib ketgan. Toʻyda bir xil ohang, majlisda boshqa... Gap ohangi ham suhbatdoshining martabasiga qarab boʻladi. Hovuz polvonday bir xilda gapiradiganlar kam. Chuvrindi hozir undan piching kutgan edi. Aniqroq aytilsa, Hovuz polvonning gap bilan uzib-uzib olishini xohlagan edi. Shunday boʻlganda koʻnglini yillar boʻyi bosib yotgan gʻubor koʻtarilardi. Afsus, unday boʻlmadi. Hovuz polvon oʻzgarib turadigan buqalamun toifa emasdi.

Chuvrindi kutilmagan mehmonni uyga taklif qildi. Hovuz polvon oʻjarlik bilan rad etdi. Mezbon qat’iyatlik bilan zoʻrlayvergach, noiloj ichkari kirdi.

Mehmonxonada dasturxon tuzogʻliq edi. Keldi-ketdi koʻp boʻlgani uchun dasturxon hamisha shunday turardi. Bundan bexabar Hovuz polvon «mehmon kelar ekan», deb oʻyladi.
— Mahmudjon bolam, oʻtir, gapimni aytamanu ketaman, — dedi u.
— Polvon togʻa, olovga keldingizmi, muncha shoshasiz?
— Uyingni mehmon bosadiganga oʻxshaydi, oshga tushgan pashshadayin oʻtirmayin.

Chuvrindi uning maqsadini tushunib, kulimsiradi:
— Xotirjam oʻtiravering. Keliningiz mehmon kelib qolsa, shoshilmaylik, deb shunday tuzab qoʻyadi. Sizdan boʻlak aziz mehmonimiz yoʻq. Ketishni xayolingizga ham keltirmang.

Hovuz polvon bir oz xotirjam tortsa-da, shinam bezatilgan uyda yayrab oʻtirolmadi. Gul solingan bu devorlar, oʻymakor shift uni bosayotganday boʻlaverdi.
— Uying binoyi, — dedi Hovuz polvon. — Men bilan yurganingda bunaqa uyda yashamas eding. Qochib toʻgʻri qilgan ekansan.

Chuvrindi xotini uzatgan choyni olib, mehmonning roʻparasiga oʻtirdi. Uzr aytish mavridi kelganini anglab, soʻz boshladi:
— Polvon togʻa, oʻshanda...

Hovuz polvon uning maqsadini darrov fahmlab, gapirishga yoʻl qoʻymadi.
— Mahmudjon bolam, uyingni koʻrdim, agar xoʻp desang, hovlida oʻtirsak. Yoz boʻldi uyga kirsam, yuragim siqilaveradi.

Mehmonning istagi darrov bajarildi. Hovlidagi soʻriga oʻtirishlari bilan ikki kosada lagʻmon keltirildi. Hovuz polvon mulozamatni kutmayoq kosani qoʻliga oldi. Kichikroq kosa uning baquvvat panjasida piyoladay koʻrindi. Chuvrindi oʻrnidan turib, oshxonaga bordi-da, xotiniga «kattaroq kosa yoʻqmidi, yana bir kosa olib bor», deb tanbeh berdi.

Hovuz polvon asli qoʻshni xoʻjalikda yasharkan. Bir tomoni xoʻjalik kambagʻalroq, bir tomoni ayolmand boʻlganidan ancha qiynalibdi. Ikki kilo guruchni damlab osh yeb, qorni toʻymagan oilani tasavvur eting. Hovuz polvon toʻysa, bolalar toʻymaydi, bolalar toʻysa — u och qoladi. Hullas, boyroq hisoblangan xoʻjalikka kelib, boshpana soʻraydi. Xoʻjalik boy boʻlsa, ortiqcha joy ham boʻlmaydi. Rais baquvvat bu odamdan bir ish chiqarmikin, deb hovuz tozalashda qarashishni taklif etadi. Hovuz polvon qarashish u yoqda qolib, boshqalarni aralashtirmayoq bu ishni bir oʻzi bajarib tashlagan. Uning ovqat yeyishi ham ishiga qarab edi. Qishloq ahlining loy otishi shart emas, unga ovqat yetkazib berib tursa bas edi.

Ot hovuz Chuvrindi yashaydigan uyning yonginasida edi. Hovuz polvon shuni tozalayotganda birdan hovliga ketma-ket palaxsa-palaxsa loy tusha boshlaydi. Hovuz polvon «Hoy mirob, ovqat berasizmi yo yoʻqmi!» deb baqiradi. Ikki-uch yil ichida u Mahmudning bobosi bilan doʻstlashib, shunday hazil qilishga haddi sigʻib qolgan edi.
— Hozir, hozir, — deb shoshgan edi bobosi oʻshanda. — Xudo senga oʻxshagan polvonlarni loy yeydigan qilib yarata qolsa nima boʻladi, a? Qishloqdagilar seni koʻrsa, oshxonasiga qulf uryapti...

Chuvrindi ikkinchi kosada lagʻmon kelgach, bobosining oʻsha gapini eslab kulimsirab qoʻydi. Bobosining yoshi Hovuz polvonnikidan ancha katta, lekin xuddi tengdoshday munosabatda boʻlardi. Bularning doʻstligi ham, hazillari ham begʻaraz edi. Chuvrindi bu doʻstlik haqida koʻp oʻylab: «Minnatsiz, riyosiz doʻstlikdan odamlar nega qochadilar?» deb ajablanardi. Xudo uni yemoq-ichmoqdan, mol-dunyodan qismadi, aynan shundan qisdi. Unga Sobitxon aytgan bir gap ma’qul kelib, yaxshi eslab qolgan edi. Sobitxon: «Rasulilloh «haqiqiy doʻstlarni koʻpaytiringlar, bular yaxshilik kunlarda ziynat boʻlurlar, balo tushganda boshpanadirlar» deganlar», deb edi.

Durust, ammo haqiqiy doʻst topish osonmi ekan? Chuvrindi mana shundan dogʻda. Ba’zan yuragi siqilganida bor molimni bitta dardkash doʻstga almashardim, deb oʻylardi...

Hovuz polvon kosadagi ovqatga qoʻl uzatmadi.
— Ilgarigi polvon togʻang yoʻq endi, — dedi u. — Qariganda bir kosa ovqat ham koʻplik qilib qolarkan.
— Qaridim, demang-e.
— Qaridim, bolam... qaridim. Endi sen hadeb turaverma, jim oʻtir, gapimni eshit. Meni bu yerga bir dard boshlab keldi. Shuni aytvolay. Gapimning avvali shuki, sen u ishdan xijolat tortmagin, bolam. Bola eding, koʻp narsalarga tushunmagansan. Men seni ayblamayman. Mendan oʻzingni olib qochib yurganingni bilaman. Aybingni tushunibsan, shuning oʻzi katta gap. Bez boʻlib yurganingda adabingni berib qoʻyardim. Endi... maqsad shuki... kichigim sal bevoshroq chiqqan. Oʻzim u yoqda boʻlib, tarbiyasi boshqacharoq kechdi-da. Ha, mayli, Xudo insof berib qolar. Xullasi, shu supra qoqdi oʻgʻlim kechagi ola-toʻpolondan soʻng bir-ikki oshnasi bilan Fargʻonaga tushibdi. Turklar tashlab ketgan uylarga kirishibdi u ahmoqlar. Nazarimda ul-bul koʻziga chiroyli koʻrinib olgan-ov... Ana endi qamoqda oʻtirishibdi. Ayb ish qilgan ekan, qamashsin, jazosini tortsin. Bunisiga roziman. Lekin... qamoqda battar bu-ziladimi, deyman-da. U yoqni oʻzim koʻrdim, bilaman. Men-ku, esimni taniganimda tushdim. Bu bolalarning esi yoʻq hali, yaxshi-yomonni ajratmaydi. Ikkita boshi buzuqning orqasidan ergashib ketvoradi... Bu dardimning bir tomoni, dardimning yarali tomoni ham bor... Oʻgʻrining bolasi oʻgʻri boʻlibdi, degan ta’nani koʻtarib yurolmayman. Boshimni egsa shu ta’na egadi, oʻldirsa ham shu oʻldiradi meni...
— Kuyunmang, Polvon togʻa, men bir surishtirib koʻraman.
— Ha, surishtir, omma, bir mening oʻgʻlimni emas, oshnalarini ham chiqartirasan. Oʻgʻlim chiqib, ular qolsa insofdan boʻlmaydi.
— Xoʻp, togʻa, men surishtiray. Agar maskovlik tergovchilar qoʻliga tushmagan boʻlsa, yoʻli osonroq.
— E, nima deyapsan, maskovlikmi, bu yerlikmi — barining jigʻildoni bor. Jigʻildon bor joyda ish bitmay qolmaydi. Sen gaplashovur. Soʻraganini tovib beramiz. Puli yoʻqligidan keldi, dema. Pul bor, Xudoga shukr. Gaplashadigan lab-dahan yoʻq, bizda. Sening dovrugʻingni eshitganmiz.

Hovuz polvonning «oʻzim u yoqda boʻlib, tarbiyasi boshqacharoq kechdi-da», degan gapi Chuvrindiga ogʻir botdi. «Sen tufayli qamalmaganimda bolamni yaxshi tarbiya etar edim, oʻgʻirlik bilan qoʻlga tushmas edi, senga bosh egib yalinmasdim...» degan ma’noda angladi. «Hamonki shunday ekan, bolaning bu holga tushishiga men aybdor boʻlib chiqaman. Uni qamoqdan qutqarib qolish ham mening zimmamda. Xoʻp, unda nima uchun «surishtirib koʻraman», deb lanjlik qilyapman?!» U shunday deb oʻzidan-oʻzi nafratlandi.
— Polvon togʻa, qoʻyningizni darrov puch yongʻoqqa toʻldirib qoʻymay, degan maqsadda surishtiramiz, dedim. Oʻzim borib oʻtirsam ham oʻgʻlingizni chiqartiraman.
— Oʻzing oʻtirma, bolam, birovni oʻtirgulik qilmasin.
— Keyin uni menga topshirasiz. Hamma havas qiladigan odam boʻladi. Oʻqisa oʻqitamiz.
— E, yoʻq, oʻqiydagʻon bolamas u. Xafa boʻlma, omma, senga ham topshirmayman.
— Siz meni ham...
— Yoʻq, sen oʻgʻri emassan.
— Bir-ikki joyda limonad tsexim bor. Kooperativ taksilarim bor. Men uning choʻntagiga pul solib qoʻymayman. Ishlab topadi. Pul topishni oʻrganadi.
— Ma’qul, avval chiqsin, keyin mulohaza qilarmiz.

Chuvrindi kerakli joylarga telefon qilib, masalani hal eta boshlagach, Hovuz polvonning koʻngli joyiga tushib, ketishga hozirlandi.

Chuvrindi buguncha qoling, deb yalinsa ham, Hovuz polvon unamadi.
— Bugungi poezdda qaytmasam boʻlmaydi, — dedi u qat’iy ohangda.
— Pattangiz bormi? — deb soʻradi Chuvrindi.
— Be, shu paytgacha patta bilan yuribmanmi? Beshta soʻm beraman, ketovraman-da.

Chuvrindi uning tashvishini tushundi — koʻngli bolasida. Bu yerda partoʻshak solib bersang ham tikonzorda yotgandek boʻladi. U telefonda yigitlardan biriga patta toʻgʻirlab qoʻyish haqida buyruq bergach, mehmonga qarab:
— Poezd ketishiga hali ikki soat vaqt bor, shoshilmang, — dedi.

Chuvrindining xotini tanbehni inobatga olib, palovni katta laganga suzdi. «Lagʻmonga ishtahalari boʻlmadi» deb oʻylagan edi. Hovuz polvon palovni ham avvalgidek tanovul qilmadi. Bu chindan qarilik ta’sirimi edi yo oʻgʻil tashvishi ishtahani boʻgʻgan edimi, Chuvrindiga qorongʻi. U mehmonga qarab turib: «Shunday odamni ham dard yengishi mumkin ekan-da, a?» deb qoʻydi.

Bekatda ularni kalta yengli koʻylagining tugmalarini kindigiga qadar yechgan, boʻyniga tilla zanjir osgan bir yigit kutib oldi. Xoʻjayinining yonidagi odamni koʻrib ajablandi. «Nozik odam deganingiz shumi?» deganday koʻzini loʻq qilib turdi.
— Boʻldimi? — dedi Chuvrindi uning ajablanganini sezmaganday.
— Boʻldi, joy nishtyak, — dedi yigit.
— Boshla.

Ikki kishilik kupe dim edi. Kun issiqligiga qaramay galstuk taqib olgan oʻrta yashar kishi gazetadan yelpigʻich qilib, yelpinib oʻtirardi.
— Mana, Polvon togʻa, shu oʻrin sizniki, — dedi Chuvrindi boʻsh joyni koʻrsatib. — Bahuzur hordiqni chiqarib borasiz. Choy-poydan xabar olib turishadi.

Galstukli kishi boʻynidagi terni roʻmolchasi bilan artib, Hovuz polvonga boshdan-oyoq razm soldi-da, ensasi qotdi.
— Boboyning biletlari bormi? — dedi u Chuvrindiga qarab.

Chuvrindi unga javob bermay, norozi qiyofada yigitga boqdi.
— Bilet bor, — dedi yigit. Keyin engashib uning qulogʻiga nimadir deb shivirladi. — Bu yoqqa chiqaylik tushuntirib beraman...

Galstukli kishi dovdirab oʻrnidan turdi-da, yigitga ergashdi. Bir necha daqiqadan soʻng qaytib, narsalarini oldi:
— Adashibman, biletim boshqa vagonga ekan, — deb shoshganicha chiqdi.

Chuvrindi yigitga qaragan edi, u bosh barmogʻi bilan koʻrsatkich barmogʻini birlashtirib, teshik kulcha holatiga keltirdi-da, «hammasi joyida» deganday chap koʻzini qisib, kulimsiradi.

Chuvrindi Hovuz polvon bilan xayrlashib chiqqach:
— Uni nima balo qilding? — deb soʻradi.
— Ikki ogʻizgina gapirdim. Xalqparvar odam ekan, umumiy vagonda xalq bilan birga ketgisi keldi.

2

Chuvrindi uyga qaytgach, karavotdagi koʻrpachaga yonboshladi. Ayvonda akalari bilan oʻynab oʻtirgan kenjatoyi uni koʻrib «adda, adda» deb harakatga tushdi. Oshxonadagi yumushlarini endigina bajarib boʻlgan xotini bolani koʻtarib keldi. Kenjatoy otasini yalab-yulqay boshladi. Ota uchun mas’ud damlar boshlandi. Dunyo tashvishlari unutildi. Kimningdir oʻgʻli oʻldirilgani, kimningdir oʻgʻli qamoqda oʻtirgani, kimningdir bergan qarzini undirolmayotgani, kim-ningdir umid qilgan amaliga yetisholmayotgani, kimningdir qaygʻusi yoki shodligi... hammasi unutildi. U hozir farzandining shirin tilidan chiqqan bittagina soʻz uchun dunyo nima ekan, jonini berishga tayyor edi. Afsus shuki, mas’ud damlar uchun vaqt xasislik bilan ajratilgan bu dunyoda telefon degan matax borki, uning asabiy jiringlashi kishini baxtiyorlik ummonidan tashvish choʻliga irgʻitib tashlaydi. Tavfiq toʻtisiga yetishmak nasib etguniga qadar bu choʻlda gʻazzolani quvgan sari sarsari kezadi... Hozir ham shu hol yuz berdi. Chuvrindi bolasining erkaligiga toʻymasidan telefon betoʻxtov jiringladi.
— Boshqa shahardan shekilli? — xotini shunday deb oʻrnidan turdi-da, ayvon sari ildam yurdi. Goʻshakni quloqqa tutib, salom-alik qilgach, eriga ajablanib qaradi-da, telefonni koʻtarib keldi.
— Kim? — dedi Chuvrindi bolasini bagʻridan boʻshatmay.
— Bilmadim, — dedi xotini, soʻng ajablanganini yashirmay dedi: — Ovozlaridan Jamshidjonga oʻxshatdim.
— Esing joyidami? — Chuvrindi shunday deb bolani unga berdi-da, goʻshakni qulogʻiga tutdi: — Allo, kim bu?
— Menman...

Darhaqiqat, Jamshid edi...

Chuvrindi xotiniga qarab qoʻydi. Bu qarashning ma’nosini anglagan xotini otasiga intilib talpinayotgan bolasini bagʻriga bosganicha ayvon sari yurdi.
— Nima gap, tinchlikmi? — dedi Chuvrindi, xotini uzoqlashgach.
— Tinchlik, — dedi Jamshid.
— Yaxshi kutib olishdimi?
— Kutib olishdi.
— Unda nima uchun telefon qilding? Jim yuratur, devdim-ku?
— Jim yurolmayapman, Mahmud aka. Bek akamga nima gunoh qildim, aytsinlar. Gunohim boʻlsa mayli, oʻldirsinlar. Gʻing degan — nomard.
— Ovozingni oʻchir. Mishiqi bolaga oʻxshab mingʻirlashingni qara! Bek akam hali bir narsa demadilar. Soʻrashning mavridi kelsa, oʻzim soʻrayman, seni oʻzim topaman. Oʻsha yoqda jim yur. Ye, ich, ayshingni sur. Faqat bir ishkal chiqsagina telpon qil. Boshqa gaping yoʻqmi?
— Yoʻq.
— Omadingni bersin... — Shunday deb goʻshakni joyiga qoʻydi.

Avvaliga Jamshidning betoqatlik qilganiga achchiqlandi. Keyin uning ahvoliga tushundi. U hali oʻzining «dorga osilib, soʻng murdasi yoqib yuboril-gani»ni bilmaydi. Bilgani — Asadbekning gʻazabga minib, uni oʻlimga hukm etib yuborgani. Nimaga gʻazablandi — hech kimga aniq ma’lum emas. Chuvrindi Asadbek bilan birga Elchinnikiga borgach, Zaynabga aloqador bir ish boʻlganini fahmlagan, ammo gumonga suyanib ish koʻrmaslikni odat qilgani uchun bu taxminga ishonib-ishonmaydi. Shu fikr dastlab xayoliga kelganida «Nahot Jamshid shu darajada ahmoq boʻlsa!» deb ajablandi. Xayrlashar mahalidagi Jamshidning javdiragan koʻzlariga boqib «yoʻq, bunday qilishi mumkin emas», degan toʻxtamga keldi.

Asadbek oʻshanda buyruqni qat’iy tarzda bergan edi. Muhlat ham oz — hukm ertalabgacha ijro etilmogʻi shart. Oʻylashga, mulohaza yuritishga fursat yoʻq. Buyruq berilishi bilan Chuvrindi: «Balki ablahlik qilgandir, lekin dunyoda undan besh battar ablahlar yashab yurganida u ham tirik qolsa boʻlardi», degan aniq bir toʻxtamga keldi. Lekin uning jonini qanday saqlab qolish kerak — shu muammo yechilmogʻi lozim edi. Asadbekni fikridan qaytarish qiyin. Yagona yoʻl — oʻlikxonadan egasiz oʻlik sotib olish. Chuvrindi bu yoʻlning toʻgʻri ekaniga shubha bilan qaradi, oxir-oqibat katta tashvishlarga taqalishini ham oldindan koʻra bildi. Ammo oʻsha damda boshqa chorasi yoʻq edi. Bu ishga oʻzlarining yigitlarini aralashtirishmadi. Jamshidni Chuvrindining oʻzi kuzatdi. Ikkita kavkazlikni yoniga olib, murdani Kesakpolvon topib keldi. Murda yonayotgan mahaldayoq Chuvrindi oʻzicha «bu — ikkinchi xato» deb qoʻydi. Shilimshiqning osilib turishini ham u ma’qullamagan edi. «Oʻldirdi, oʻchini oldi, xumordan chiqdi, endi murdani yoʻqotib yuborish kerak», dedi. Lekin uning gaplariga quloq osmadilar. «Elchin shuni ma’qul koʻribdimi, osilib turaversin», dedilar. Mana endi Zohid Sharipov degani kavlashtirib yotibdi. Chuvrindi undan qoʻrqmaydi, ishning oʻzlari oʻylaganlaricha yopilishiga ishonadi, ammo ungacha ancha bezovta boʻlib yurishi yoqinqiramaydi. Zohidning chaqiruvidan soʻng nozik akaxonlaridan biriga buni aytdi. U «rasm-rusmlarni qilish kerak-da. Xoʻp, deb turing, bir oz kavlashtirib xumordan chiqsin. Sal ogʻsa oʻzimiz toʻgʻrilab qoʻyamiz», deb tinchlantirdi.

Hozir Jamshid bilan gaplashganidan soʻng oʻyga tolib, mana shularni esladi.

3

Elchin Hosilboyvachchanikidan chiqqach, oʻylab oʻtirmayoq shahar markazidagi uch qavatli uy tomon yoʻl oldi. Boʻtqaga uchrashib, Chuvrindining uyida ekanini aniqladi.

Bu kun Chuvrindi Hovuz polvonning iltimosini bajarish bilan ovora boʻlib, yaxshilikka olib boruvchi yoʻl topgan, ishni yuritish uchun yigitlardan birini endigina Fargʻonaga joʻnatib, koʻngli tinchigan holda uyga qaytgan edi. Hali bir piyola choy ichishga ulgurmay, eshikdan kirib kelayotgan Elchinni koʻrib, hayron boʻldi.
— Ha, Hofiz, tinchlikmi? — dedi uni uyga boshlab.

Elchin Chuvrindi koʻrsatgan joyga oʻtirib, muddaoga koʻchib qoʻya qoldi. Halimjon Chuvrindini ham qiziqtirib qoʻydi. Yoʻq, unda yigitni darhol xizmatga olish fikri tugʻilmadi. Chuvrindi bunaqa holda arqonni uzun tashlaydi. Kimgadir yaxshilik qiladi. Ana shu paytda burunga burunduq ilishni ham unutmaydi. Vaqti-soati yetib, lozim boʻlganda burunduqni asta tortadi. Jamshidni qamoqdan barvaqt chiqishiga yordam berganida ham uning sadoqatli yigit boʻlishini oʻylamagan edi. «Chiqaversin-chi, balki foydasi tegar», deb xayol qilgandi. Jamshid oʻsha yaxshilikka sadoqat bilan javob berdi. Asadbek Jamshiddan soʻng boshqa yigitlarni yoqtirmay turibdi, balki shu ma’qul boʻlar, degan fikr xayolini yoritib, Hosilboyvachchaga qoʻngʻiroq qildi:
— Boy, jensovetga rais emishsanmi, muborak boʻlsin, — deb gapni kalta qila qoldi.

Shundan soʻng oraga sukut choʻkdi. Elchin yeryongʻoqning poʻchogʻini barmoqlari bilan ezgʻilab xayolga choʻmib oʻtirardi. Chuvrindi uning dardini bilardi. «Hozir dardini yoradi, xuddi Jamshidga oʻxshab savoliga javobni mendan axtaradi», deb oʻyladi. Yanglishmadi.

Elchin dardini yorib, hasrat qilmasa ham soʻradi:
— Jamshidning oʻlimini... nega mendan koʻrdinglar?

Chuvrindi savolni kutgan boʻlsa-da, javobga shoshilmadi. Keyin bu bir arzimas gapday:
— Bek akaga shunday tuyulibdi, — dedi.
— Bir gumon bilan badnom qilib yuboraverasizlarmi? — dedi Elchin.
— Badnom? — Chuvrindiga bu gap yoqmay, qoshlarini chimirdi. — Sizni hech kim badnom qilmadi. Bek akam gumonlarini shunchaki aytdilar. Agar gumonsiramay aniq bilganimizda gapimiz boshqacha boʻlardi. Jamshidni oʻldirish koʻnglingizda yoʻq edimi? Oʻgʻil bola gapni ayting.
— Oʻgʻil bola gapmi? Oʻgʻil bola gap shuki... hali koʻp qon ichishim kerak men...
— Bu gapni xayolingizdan chiqarib tashlang. Odam qoʻlidan keladigan ishga harakat qilishi kerak. Koʻrpaga qarab oyoq uzatavering. Agar menga ishonsangiz bir gap aytay.
— Ayting.
— Aniq bilaman: xotiningizning oʻlimiga faqat Shilimshiq aybdor, Jamshidning aloqasi yoʻq edi. U paytlar Jamshid gʻoʻr edi, bunaqa ishlarga aralashmasdi. Shilimshiq bilan borgani toʻgʻri, ammo aralashmagan. Bu ishda qonunchilarga nisbatan Bek akamning hukmlari qattiqroq boʻlgan. Siz oʻshanda... — Chuvrindi «nodonlik qilgansiz» demoqchi edi, «yana jirillab yubormasin», deb fikrini boshqacharoq ifoda etdi: — Oʻzingizga oʻzingiz jabr qildingiz. Oʻsha mardligingiz bilan nimaga erishdingiz? Kim sizga «barakalla, qoyil, oʻgʻil bola!» dedi?

Bu soʻzlar igna oʻqqa aylanib Elchinning vujudiga sanchilaverdi. Oʻq har sanchilganida yuragi bir larzaga tushdi. Mashoyixlar «bedardning oldida boshimni ogʻritma», degan ekanlar. Elchin Chuvrindining gapini shart boʻlib «Senlarda yurak degan narsa bormi? Yuraklaring qon haydashdan boshqa yumushni ham biladimi!» deganga oʻxshash gaplarni aytgisi keldi. Ammo oʻzini tutdi. Toʻgʻri, u koʻp hollarda tuygʻuning quliga aylanardi. Tuygʻu qayoqqa undasa oʻsha yoqqa yurardi. Ba’zan tuygʻuning shaytonbuloqdan suv ichib qoʻyishini esa inobatga olmas edi. Elchin ayrim odamlarni tuygʻusizlikda ayblab, ulardan nafratlanar edi. Ammo ayni damda insonga berilgan ulugʻ ne’matlar orasida aql ham mavjudligini, tuygʻu achchiq haqiqat oldida ojiz qolishini hisobga olmasdi. Chuvrindi hozir haqiqatni aytayotgan edi. Uning ovozida haqorat, masxara yoki tahdid ohangi yoʻq, samimiy doʻst kabi ohista, soʻzlarni chertib-chertib gapirardi. Uning soʻzlari garchi oʻq kabi botayotgan boʻlsa-da, Elchin uchun yangilik emasdi. Qamoqda ekanida dardini aytganda Zelixondan bundan beshbattarlarini eshitgan. Shu sabablarga koʻra ham Chuvrindiga gap qaytarmay oʻtirdi.

Chuvrindi gaplarim qanday ta’sir etyapti, degan fikrda hamsuhbatiga qarab, bir oz sukut qilgach, yana soʻzlarini davom etdi:
— Maktabda Aleksandr Matrosov jasoratini gapiraverib, tinkamadorimizni quritishardi. U-ku, har kuni ming oʻlimga duch kelavermay, deb oson oʻlim yoʻlini topgan, jonidan toʻyganu tappa tashlagan. Siz ham oʻshanga oʻxshadingiz. Sizning aybingiz ham bor: qimorga aralashmaganingizda bu mashmashalar yoʻq edi. Siz eslamasangiz men eslayman. Oʻsha voqeadan oldin Bek akam «Hofiz, qimor oʻynama» deb ogohlantirgandilar. Endi men bir gap aytay, siz xafa boʻlmang: siz mushuk-sichqon oʻynashni yigʻishtiring. Siz ikki dunyoda mushuk boʻlolmaysiz. Anavi chechen bolangizga ishonavermang. Ha, aytmoqchi, koʻrinmay qoldimi?
— Yurtiga ketgan.
— Yaxshi qilibdi. Kelishdik, a?
— Nimaga?
— Siz bundan buyogʻiga ashulangizni aytib, tinchgina yurasiz.

Elchin zaharli jilmaydi.
— Men siz bilan sulh tuzgani kelmagan edim.
— Toʻgʻri, siz iltimos bilan keldingiz. Lekin eski paxtani chuvaganingiz uchun men omadi gapni aytdim.
— Men eski paxtani chuviganim yoʻq. Jamshidning oʻlimi sababini bilmoqchi edim.
— Buni Xudo biladi.

Shu gaplardan soʻng koʻzlar toʻqnashdi. Ayni nafasda ikkalasining koʻngliga bir mazmundagi gap kelgan, ammo tilga koʻchirishga andisha qilishayotgan edi. Andisha qarshisida til ojiz qolgan mahalda koʻzlar bevafolik qilib, fikrni oshkor etishi mumkin. Hozir shu hol yuz berdi.
— Jamshid Zaynabga... suykalgan edimi? — deb soʻradi Elchinning koʻzlari.
— Suykalganini koʻrganim yoʻq, ammo uyingga borganini aniq bilaman, — dedi Chuvrindining koʻzlari.
— Asadbek... qaynotam buni qayoqdan bilib qoldi?
— Oʻz koʻzlari bilan guvoh boʻldi...
— Zaynab... shilta qizlardan emas edi?
— Bu dunyo hayotidan har narsani kutish mumkin...

Soʻnggi savolga javobni Chuvrindining koʻzlari emas, Elchinning koʻngli aytdi. Oʻz savoliga oʻzi javob berdi-yu, yuragida sanchiq turib, beixtiyor chap koʻkragini ushladi.
— Maza qochdimi, Hofiz, — dedi Chuvrindi. Elchin javob bermagach, xuddi oʻziga-oʻzi gapirganday past ovozda dedi: — motorni ehtiyot qilish kerak.

Elchin oʻrnidan turdi. Eshik tomon bir qadam tashlab, Chuvrindiga oʻgirildi:
— Motor, Xudo xohlasa, yelkadagi yukni manzilga olib borishga chidaydi.

XII bob

I

Shunday odamning bolasi?!

Anvar bundan qirq yil avvalgi tergov hujjatlarini oʻrgana turib, oʻziga tez-tez shu savolni berar, ammo tayinli maqbul javob topa olmas edi. Necha ming odam chaquv, tuhmat qurboni boʻlgan yillarda Asadbekning otasi hech bir chaquvsiz, hech bir tuhmatsiz holda jazoga tortilgan edi. Uni qamash uchun chaquvning hojati yoʻq edi. Huquq ilmini oʻrganayotgan talabaning urushning dastlabki oylaridayoq safarbar etilgani, qoʻshin qurshovda qolgani, koʻplar qatori asir olingani, kontslagerdan qochgani, Yugoslaviya oʻrmonlarida, togʻlarida jang qilgani... chaquvga muhtoj emas, barchasi hujjatlarga muhrlangan edi. Uning aybi bir — Yugoslaviya dohiysi Tito bilan shaxsan tanish boʻlgan. Bu ham tuhmat emas. Urush tugagach, dohiy uni bagʻriga bosib suratga tushgan, qahramonlik nishoni topshirgan. Avvaliga u ham Ittifoq qahramoni sifatida qadr topganday boʻldi. Soʻngroq, Stalin bilan Tito orasidan ola mushuk oʻtgach, Yugoslaviya partizanlari bilan birga jang qilgan barcha sovet askarlari xoinlar roʻyxatidan oʻrin oldilar. Ularga «Sen Tito qoʻshinida jang qilgansan» deb ayb taqashmadi. Unga qadar asirga tushgan edilar, qamash uchun shuning oʻzi kifoya edi. Tergovdagi savollarning mazmuniga qaraganda ular kontslagerdan qochmasliklari lozim ekan, jonlarini garovga qoʻyib, jang qilmasliklari shart ekan. Oʻzbekiston qayoqdayu Yugoslaviya qayoqda?! Asadbekning otasi ming kecha-kunduz yo oʻlarini bilmay, yo qolarini bilmay ajalning soyasida yashadi. Asadbekning onasi erining na tirik ekani, na oʻlik ekanini bilmay umid oftobida qovjirab hayot kechirdi. Ming kun-a!? Shuning mukofotiga yana qamoq, yana ayriliq va nihoyat Sibirning ovloq bir yerida oʻlim topish. Oʻlim topganda ham nomini qora roʻyxatlarda qoldirib, armon bilan koʻz yumish...

«Ajab... — deb oʻyladi Anvar, — dushman bir boʻlsa, uning chap tomonida turib urishding nimayu oʻng tomonida turib urishding nima? Oʻng tomondagilari xalq qahramonlari, chap tomondagilar esa xalq dushmanlari boʻlib chiqsa... Bundan ham ortiqroq ahmoqlik boʻlarmikin bu yorugʻ jahonda...»

Anvar hujjatlar bilan tanisha turib Xolidiyning suyukli shogirdlaridan biri tomonidan yozilgan maqolani esladi. Shogird ustozga sodiq qolgani holda Yugoslaviya partizanlari safida jang qilganlarni siyosiy ongsizlikda ayblagan edi. Oradan koʻp yillar oʻtdi. Vaziyat oʻzgardi. Ammo oʻsha maqola hanuz hayot, qayta-qayta nashr etilayotgan tarix kitoblarida biron-bir nuqta oʻzgarmagani holda turibdi. Asadbekning otasi ham «harakatida jinoyat izlari boʻlmagani sababli» afv etilgan. «Nahot u olimlar bundan bexabar qolishgan? — deb oʻyladi Anvar. — Oradan oʻttiz besh yil oʻtyapti... Bu hujjatlarni nima uchun oʻgʻliga — Asadbekka koʻrsatishmadi? Bunga oʻxshagan odamlar yana qancha?..»

2

Eshakni yoʻqlasang qulogʻi koʻrinadi, deganlariday, hech kutilmaganda eshik ochilib, Xolidiy koʻrindi.
— Ie, mulla Anvarjon, — dedi u jilmayib, — xursandman, bagʻoyat xursandman.
— Meni koʻrganingizdanmi? Ertalab uchrashuvdik-ku? — dedi Anvar.
— Ish bilan, ilm bilan mashgʻul shogirdlarimni koʻrsam, quvonib ketaman, — dedi Xolidiy boʻsh stol tomon yurib.

«Biz ham shogirdlar safiga qoʻshilibmiz-da, a? Shunday oliy maqomda ekanmanu bilmay qolganimga dogʻman endi», deb oʻyladi Anvar. U bir piching gap otib «ustoz»ning gʻashiga tegishni moʻljal qilib turganda shu idora xizmatchisi kirib Xolidiyga hujjatlar toʻplamini uzatdi.
— Bu davru davronning qadriga yetmoq kerak, — dedi Xolidiy hujjatlarni varaqlay turib. — Shuncha yil ilm qilib hujjatlarning asl nusxalarini varaqlashga endi erishdik. Bizning fojiamiz shunda ediki, azizim, biz hujjat koʻrmay, tarix ilmini yaratdik.

«Bu odam ham toʻgʻri gapirar ekan-ku, a? — deb oʻyladi Anvar. — Hujjatga asoslanmagan ilm yaratgani toʻgʻri, ammo hujjatni oʻzi koʻrishni istamaganmi yo yoʻl berishmaganmi? Bu odamga hamma eshiklar ochiq edi-ku? Endi nima uchun hujjat titkilab qoldi? Titkilash vazifasi shogirdlaridan ortmas edi?.. Qiziq...»

Anvar muhim ish bilan band odamday satrlarga koʻz tikib jim oʻtiraverdi. Aslida oʻqiydiganini oʻqib, aniqlaydiganini aniqlab boʻlgan, chiqib ketaverishi ham mumkin edi. Biroq, Xolidiyning tashrifi ajablantirgan, bu tashrifdan maqsad ne, intiho ne ekanini bilmoq istagi uni ushlab turardi. Xolidiy koʻzlarini sahifalarga qadab harf terar, zarur joy kelganda xuddi yalab oladiganday tilini chiqarib qoʻyardi. Anvar zimdan kuzatar, uning qoʻlidagi hujjatlar kimga tegishli ekanini bilishga qiziqish tobora ortardi. Har baloga aqlim yetadi, deb hisoblovchi, haqiqat baribir qaror topadi, buning uchun kurashmoq shart, deb ishonuvchi Anvar bu hujjatlar toʻplami Xolidiy qoʻlidan koʻp marta oʻtgani, «ustoz»ning fikri hozir bu hujjatlar bilan emas, boshqa narsalar bilan band ekani, hademay tilga kirajagini bilmas edi.

«Dushmanni bir hamlada yoʻq qilish har qanday ahmoqning qoʻlidan keladi, — deb oʻylardi Xolidiy. — Xudoga shukur, men ahmoq emasman. Men — merganman. Bir oʻq bilan istasam oʻn quyonni uraman. Dushmanni esa boshqa bir dushmanim qoʻli bilan yanchaman. Hamisha shunday qilib kelganmanmi, bu usul menga pand bermadimi, bundan keyin ham shunday boʻladi... Nodon bola... Hujjat titish senga nima beradi? Xoʻp, haqiqatni anglading, keyin nima boʻladi? Sening haqiqating hech kimga kerak emas. Har bir davrning oʻz haqiqati boʻladi. Esing butun boʻlsa sen ana shu haqiqatni fahmlab ol. Yoʻ-oʻq... bunga fahming yetmaydi. Sening haqiqating jinnixonada. Qani, meni kuzataver-chi. Ertaga boradigan joyingga borgach, meni sogʻinib qolarsan...»

Xolidiyning bu darajada dadil fikrlashi bejiz emas edi. U kecha muhim bir masalani yechib, koʻngli shodlangandi. Anvar jinnixonadan chiqib kelganidan beri uning ichini it tatalardi. Qariyb yarim yil badalida bu «bola»ni yoʻqotishni oʻylab, boshi gangidi. Jinnixonadan Asadbek hukmi bilan chiqarilganini bilib ancha vaqtgacha hadiksirab yurdi. U umri mobaynida oʻziga yoqmagan odamlarni gʻanim deb bilib, qanchasini yanchib tashladi. Ular oldida Anvar bir qumursqa. Oldiga ozgina shakar sepib qoʻysa, oʻzi bilan oʻzi ovora boʻladi. Aslida olishishga ham arzimaydigan bir «mishiqi bola». Lekin shu mishiqining oliftagarchiligini hazm qila olmaydi. Bu oliftagarchilik boshqa yoshlarga yuqmasin, deydi.

Xolidiy oʻylay-oʻylay, achchiqni achchiq kesadi, degan aqidaga amal qilib, Asadbekning kushandasi kim boʻlishi mumkin, deb soʻrab-surishtirdi. Asadbek hammadan zoʻr boʻlgani bilan albatta kimdir, qaysi bir kavakda turib boʻlsa ham unga qarshi tish qayraydi. Kimdir chalishga payt poylaydi. Shunday odamning mavjudligini, uning nomi Hosilboyvachcha ekanini bilib, quvondi. Xolidiy Hosilboyvachchaning otasini yaxshi tanirdi. Ularning tanishligi Hosilboyvachchaning bolaligi oʻtgan hovlining oldi-sottisidan boshlangan. Hukumat tomonidan Xolidiyning xizmatlari taqdirlanib, unga ikki qavatli uy berilgach, u mahalladagi hovlisini Omilga — Hosilboyvachchaning otasiga sotgan edi. Oʻshanda bir kenglik qilib, joyning pulini biratoʻla yaxlit holda emas, uchga boʻlib bir yil davomida toʻlanishiga koʻngan edi. Omil uning bu himmatini unutmay, hozirga qadar ham izzatini joyiga qoʻyib, har koʻrganda qulluq qilib turardi.

Oʻgʻlida shunday obroʻli odamning yumushi borligini bilgan Omil bu gapga ishonib-ishonqiramay ajablandi. Xolidiy buni sezib, izoh berishni lozim topdi:
— Endi Omilbek, zamon shunaqa boʻlib qoldi. Idora bajara olmaydigan ishni oʻgʻlingizga oʻxshagan shovvozlar bir nafasda, xamirdan qil sugʻurganday doʻndirib qoʻyishyapti.
— Birontasi qarz-parz olib, bermiyotibdimi? — dedi Omil soddalik bilan.
— Omilbek... shunaqa desak ham boʻladi, — dedi Xolidiy noxush ohangda.
— Yoʻq, siz qarzini qistaydigan odamlardanmassiz. Bir dardingiz boru aytgingiz kelmiyotibdi.
— Toʻgʻri fahmladingiz. Ba’zi ishlarni buyurtmachi-yu, bajaruvchining oʻzigina bilgani ma’qul. Har- holda, teshik quloq, tilning esa suyagi yoʻq. Hali bizning gapimizga Hosilboy nima deydilaru...
— Nima derdi, bizga bir ishingiz tushibdi. Biz himmatni unutadigan noshukur bandalardanmasmiz. Yuring, ketdik, uyiga boramiz.
— Shu yerga chaqira qolmaysizmi?
— Chaqirishga chaqiramanu kelishga vaqti boʻladimi, yoʻqmi...

Xolidiy shu gapdan Hosilboyvachchaning havosi ancha baland ekanini angladi. Katta boshini yana bir marta kichik qilish lozimligidan dili gʻashlandi.

Hosilboyvachchaning uyida mehmon bor ekan. Shomil ularni shiyponga boshlab bordi.
— Shefni chaqirib boʻlmaydi. Xohlasangiz kuting, boʻlmasa ertaga keling, — dedi oʻtirishga joy koʻrsatib.

Bu gapni eshitib, Omil savol nazari bilan Xolidiyga qaradi. Xolidiy Shomil koʻrsatgan joyga oʻtirib «kutamiz» dedi. Baobroʻ ziyofatlarning toʻrida viqor toʻkib oʻtirishga koʻnikkan Xolidiy uchun bu holda kutib oʻtirish xorlikday tuyulib, malol kelsa ham, erta kel, indin kel, degan gaplar chiqib qolishini hisobga olib, bu tahqirga chidadi.

«Bularning ziyofatini ham bir koʻrib qoʻyaylik-chi...» deb oʻzini ovutdi.

Ziyofat ancha choʻzildi. Xolidiy kelganiga pushaymon yeya boshladi. Bu yerga bosh egib kelishga majbur etgan Anvarni soʻkdi. «Ziyofat beruvchi uy egasi tashqariga ham chiqmas ekanmi?» deb gʻijindi. Itining fe’li egasiga ma’lum deganlariday, Omilga oʻgʻlining bu qiligʻi malol kelmadi. Omil hayotida ozmi-koʻpmi xiyonat koʻchasiga kirgan boʻlsa-da, bir narsaga — uyquga hamisha sodiq qolgan. Uyquning sharpasi sezilishi hamon uni noumid qaytarmagan. U faqatgina yurayotgan mahalida uxlashga oʻrganolmagan, boshqa har qanday holatda mizgʻib olishi mumkin edi. Ogʻaynilari «Omilga yostiqning rasmini chizib koʻrsatsang ham uxlayveradi», deb bejiz hazillashishmasdi. Xolidiyga Omilning bu odati noma’lum boʻlgani sababli, oʻtirgan yerida boshini osiltirib pishillashidan gʻashi keldi. Roʻparasida oʻtirib pivo simirayotgan gʻilayga qarab jahli chiqdi.

«Kimsan, qanday odamsan ham demaydi-ya... Shunchalik dimogʻdormi bular. Omil toʻnka ham tanishtirib qoʻymadi. Bu gʻilay nima qilib oʻtiribdi oʻzi?..» Xolidiy shu zaylda bir oz gʻashlanib oʻtirgach, oʻzini oʻzi ovuta boshladi:

«Bular kim oʻzi? Alifni kaltak deydigan befarosat odamlar. Ular uchun akademik ham bir, koʻchada yotgan alkash ham bir. Bular odamning qadrini pul bilan oʻlchashadi. Agar koʻchada yumalab yotgan alkashning choʻntagida ming dollar boʻlsa, ularga akademikdan koʻra shu qadrliroq. Oʻsha dollar uchun uning mishigʻini ham artib qoʻyishadi. Agar men olim emas, falonchi boy boʻlganimda bu gʻilay hozir pivo ichib gazagiga oyogʻimni yalab oʻtirardi...»

Xolidiyning toqati toq boʻlib endigina ketishga jazm qilganda, ayvonda Hosilboyvachcha koʻrindi. Gʻilay sapchib turib koʻcha eshik tomon tez-tez yurdi. Bashang kiyingan ikki kishini Hosilboyvachchaning oʻzi ehtirom bilan kuzatdi. U koʻchada uzoq qolmadi, xayrlashuv marosimi ortiqcha takallufsiz, tez tugadi. Shiyponga qaytib, avval otasi bilan, soʻng Xolidiy bilan soʻrashdi. «Uzr, kuttirib qoʻydim» kabi lutf unga begona edi. U otasining yoniga oʻtirib, yayrab kerishib, esnadi.
— Charchabsan, bolam, — dedi Omil.
— Buyoqni tanimay turibman, — dedi Hosilboyvachcha, otasining mehribonchiligiga e’tibor bermay.
— Bu kishi Xolidiy domla, uyni shu odamdan olganmiz-da, esingdan chiqdimi?
— Kunda mingta odam bilan muomala qilgandan keyin bunaqa gaplar esda qoladimi?
— Domla oʻshanda bizga rosa himmat qilganlar. Bir ishlari tushibdi. Yoʻq demay, qilib ber. — Omil shunday deb oʻrnidan turdi. — Gaplarini mensiz aytaveradilar. Men ketdim.
— Shomilga uchrang, bolalar olib borib qoʻyishadi,— Hosilboyvachcha shunday degach, Xolidiyga yuzlandi. — Bugun shoirlar bilan uchrashadigan kun ekan. Hali bittasi keluvdi.
— Men shoir emasan, — dedi Xolidiy.
— Adam «domla» dedilaru, baribir emasmi? — Hosilboyvachcha shunday deb ogʻzini baralla ochganicha esnadi-da, soʻng pastak kursi ustida yotgan kitobchani qoʻlga oldi. Xolidiy kitobni koʻrgan, «bular ham oʻqishar ekan, durust», deb qoʻygan edi. Hosilboyvachcha kitobni unga uzatdi. — Yozganini oʻqing.

Xolidiy dastxatni oʻqidi: «Oʻzbekning ulugʻ farzandi Hosiljon akamizga jonim tasadduq».
— Oʻqidingizmi? — dedi Hosilboyvachcha. — Gapini qarang. Koʻchada bizni oʻgʻri, deb soʻkadi. Ishi tushsa joni tasadduq boʻlib qoladi. Vey shoir bola, men oʻgʻriman, shunday deb yozgani uyalmadingmi, dedim. Men bu kitobini boshimga uramanmi! — u shunday deb kitobni uloqtirdi. — Moshinasini oʻgʻirlab ketishibdi. Shunga mingʻirlab kelibdi. Hoynahoy, sizning moshinangizni ham shimo qilishgandir. Bizga himmat qilgan boʻlsangiz ham aytib qoʻyay: men unaqa mayda ishlar bilan shugʻullanmayman.
— Mashinamni oʻgʻirlashganda kimga borishni bilardim, — dedi Xolidiy. Bu bilan «sizlarning davrangiz menga ma’lum» deb shama qildi. Soʻng gapni uzoqroqdan boshlab, muddaosini bayon etdi. Hosilboyvachchaga uning gaplari avvaliga erish tuyuldi, esnadi, kerishdi. Asadbek nomi tilga olingach, bir oz sergaklandi. Ana shunda Xolidiy bu yerga kelib yanglishmaganiga ishondi.

Xolidiy gapini tugatgach, Hosilboyvachcha bir oz oʻylandi-da:
— Shaharda boshqa jinnixona ham bor, — dedi. Soʻng qoʻshib qoʻydi: — Yo butunlay qorasi oʻchsinmi?
— Yoʻq, yoʻq, — dedi Xolidiy. — Uning boradigan yeri — jinnixona.
— Chiqimidan qochmasangiz boʻldi. Ertaga Shomil sizga uchraydi. Ishni birgalikda pishitib olasizlar.

Xunob boʻlib kutganiga yarasha masala koʻnglidagiday hal boʻlib, quvondi.

Hozir oʻziga tanish sahifalarni varaqlay turib Anvarga xayolan gapirdi: «Sening masalang kecha hal boʻlgan, bola. Bir qumursqani supurib tashlay olmagan Xolidiy bu dunyoda ortiq yashamasa ham boʻladi. Sen chiranma, bola. Agar seni yanchmay turib oʻlib qolsam, atrofimda yigʻlab qoluvchilar baribir seni yanchishadi. Men-ku, seni yosh, deb ayabman. Ular — oʻzingning doʻstlaring, ular ayashmaydi. Men ekkan daraxtlar meva beradi. U hech qachon qurimaydi. Sen men ekkan daraxtlar soyasida quriysan. Oftob koʻrmay, suv icholmay quriysan. Sen tutantiriqdan boshqa narsaga yaramaysan...»

Xolidiy xayolidan shu gaplarni oʻtkazib, Anvarga qaradi:
— Vo darigʻ! Vo darigʻ! — dedi u sahifalarni shapatilab. — Zolim falakning beayovligini qarang. Kim shunday boʻladi, deb oʻylabdi-ya! Imonli, insofli, diyonatli deb yurgan doʻstimizning etagiga axlat ilashgan ekan-u, a? Inoyatulloday odamning yuziga oyoq qoʻygan ekan, a? Birga yurib biz ham bilmagan ekanmiz. Mana, hujjatning kuchi qaerda! Hamma narsa birdan oydinlashdi!

Anvar bu gaplarni eshitib, Xolidiyning navbatdagi nayrangi boshlandi, deb oʻyladi. Inoyatullo nomini eshitgach, ancha sergaklandi. «Hujjatlar domla Inoyatulloning «ishi» ekanmi? Uning yuziga kim oyoq qoʻygan?»

Ahli ilm bu odamni oʻlimidan soʻng ham «domla Inoyatullo» deb hurmat qilardi. Asli turkman boʻlgan bu olim oʻttizinchi yillarda, yigit chogʻida kelib qolgan, dastlabki qama-qama shamoli adolat istab kelgan bu yigitni ham chetlab oʻtmagan edi. Oʻshanda bir yildan soʻng afv etilib, yana ilmga qaytgandi. Zunnuniy merosi boʻyicha Anvarning bobosi bilan matbuotda ancha tortishgani sababli uning qamalishiga shu bahsni asos qilib koʻrsatuvchi gaplar ham mavjud edi. Xolidiyning xitoblarini eshitib, Anvar oʻsha gumonni esladi. «Buvang kim boʻlgan, bilib qoʻy, jirillamay yursang ham boʻladi» degan maqsadda atayin kelgan shekilli?» deb oʻylab, badaniga muz yugurdi.
— Inoyatulloni bilar edim. Bizga dars berardi. Papirosni tutatib olib, oʻychan holda turib gapirardi. Men bunaqa oʻtkir tarixchini koʻrmaganman. Bunaqasi boshqa tugʻilmaydi. Zunnuniy merosi masalasida koʻpchilik uni qoraladi. Bir yil oʻtirib chiqishi balki shundandir, Xudo biladi. Urushga borib kelganidan keyin yana qamab, yoʻq qilib yuborishlariga tushunolmay yurgan edim. Toʻrt yil urushda unga necha ming oʻq otishgan ekan, qarang, mulla Anvarbek, shu minglarcha oʻqdan bittasi ham tegmabdi. Lekin bir-ikki boʻhton oʻqi tegibdi. Shaxtada koʻmir qazib yurganida falokatdan oʻlibdi. Oʻlimidan soʻng uch hafta oʻtib nomi afvi umumiyga yozilib tursa... Boʻhton oʻqlari yomon ekan... Bu oʻqlarni kim otganini bilarsiz? Bilmaysizmi? Mening aziz doʻstim Hikmat Oʻrolov. Yuvoshgina, moʻmingina, beozorgina... Hamma uni yaxshi koʻradi. Inoyatullo ham yaxshi koʻrgan. Ammo bir gap aytib ketgan ekan. «Hikmat — baliq, qoʻlda ushlab turish mumkin emas». Zoʻr gap, a?

Anvar endi Xolidiyning muddaosini tushunganday boʻldi. Ilmda oʻzgarish kutilayotgan damda Xolidiyning koʻp yillik faoliyati puch ekanini aytib, unga zarba bera oluvchi yagona olim — Hikmat Oʻrolov edi. Toʻgʻri, u tabiatan ancha ehtiyotkor edi, ammo aytish mumkin boʻlmagan gaplarni uningdek ustalik bilan ayta oluvchi ham yoʻq edi. Ilmda halollik va adolat boʻlishini istagan yoshlar uni ustoz sifatida qadrlar edilar. Xolidiy yaqinlashib kelayotgan qora bulutni sezgan. Qichishadigan yerini avvalroq qashib qoʻyadigan bu odamning Hikmat Oʻrolovni yanchish rejasida ekanini Anvar shu soʻzlarni eshitib angladi. Nafrati joʻshib, joni hiqildogʻiga kelganday boʻlib, oʻrnidan turdi.
— Ha, mulla Anvarbek, eshitmaydilarmi? — dedi Xolidiy, labini yalab.
— Ishimni tugatdim. Bir yerda zarur uchrashuvim bor edi, — dedi Anvar.
— Ha, boring. Zarur uchrashuvdan qolmaslik kerak... Darvoqe... mulla Anvarbek, eshitganlaringiz oʻzaro gap-a?

Anvar «ma’qul» ishorasini qilib bosh irgʻadi-da, xonadan chiqdi.

«Oʻzaro gap uchun shu yerga ovora boʻlib kelib oʻtirarkanmi bu odam»deb oʻyladi u.

3

Anvar favvora yonidan oʻtayotib, beixtiyor toʻxtadi. Hovuz yuzasi ancha kirlangan, Xudo farosatdan qisgan odamlar tashlagan sigaret qutilari, qogʻoz parchalari, yana allanima balolar suv yuzasida qalqib turibdi. Kirlangan hovuzning naq oʻrtasida shiddat bilan koʻkka qarab otilayotgan suv Anvarning diqqatini tortdi. Bu favvora yonidan koʻp marta oʻtgan, hovuz sathining iflosligini, suvning shiddat bilan otilishini koʻp koʻrgan, ammo bu manzara xayolini bugungiday tortmagan edi. Oʻrindiqlarga hali daraxtlarning soyalari yetib kelmagani tufayli, boʻsh edi. Anvar oftobga orqasini qilib favvoraga tikilib oʻtirdi. Uning nazarida otilayotgan suv quvurlar orqali kuch bilan purkalmay, balki toza suv ifloslangan hovuzdan qochishga harakat qilayotganday edi. Toza suv bir zumgina boʻlsin bu ifloslik bagʻridan yulqinib chiqadi, bir zumgina boʻlsin quyosh nurlarida rohatlanadi, ammo... nachoraki, butunlay uzilib keta olmaydi, yana shu hovuzga qaytadi. Soʻng... yana intiladi, soʻng... yana qaytadi... Bu orada kimdir muzqaymoqni yeb, qogʻozni gʻijimlab shu hovuzga tashlaydi, kimdir sigaretini oʻt oldirib gugurt choʻpini chertadi, kimdir tupuradi... Yaxshiki, atrof gavjum, boʻlmasa boshqa bema’niliklarni qilishdan ham toymaydiganlar topilar. Balki qorongʻida odam siyraklashgach, unday ish ham boʻlar...

Shu fikr xayoliga kelishi bilan koʻz oldida Xolidiy gavdalandi. Nazarida oʻsha bema’ni ish faqat shu Xolidiyning yoki sheriklarining qoʻlidan keladiganday tuyulib ijirgʻandi. Hovuzga tupurib oʻtgan odamni koʻrganida Hikmat Oʻrolovning «ustoz» haqidagi gapini esladi.

... Bir odam har kuni besh mahal uydan atayin chiqib, mahalla hovuziga tupurar ekan. Mahalla ahli yaxshi gapiribdi — boʻlmabdi, poʻpisa qilibdi — foyda bermabdi. Oxiri maslahat qilib, pul toʻplashibdi-da, «zora Xudo insof bersa», deb uni Makkai mukarramaga yuborishibdi. U odamning Makkaga borib birinchi qilgan ishi — Zamzam bulogʻiga tupuribdi...

Hikmat Oʻrolov bir kuni shu rivoyatni ayta turib «Ustozing shunaqa xilidan», deb qoʻygan edi.

Anvar xayolini chalgʻitish uchun atrofga alangladi. Bu ham Hikmat Oʻrolovning oʻgiti. Anvarning arzimagan narsadan ham asabiylashib yurishini bilib, «asabingiz buzilgan damda atrofga alanglang, xayolingizni chalgʻiting», degan edi. Anvar bir necha marta bu oʻgitga amal qilmoqchi boʻldi, ammo eplay olmadi. Hozir ham shunday boʻldi. Koʻzi oʻng tomondagi binoga tushib, beixtiyor oʻyladi: «Qachondir shu bino yertoʻlasida mahbuslar saqlangan ekan. Ular qanday qiynoqlarni koʻrganlar — bilmaymiz. Qanchalari qiynoqlarga chidolmay necha-necha hujjatlarga imzo chekib berishgan ekan? Biz hozir ularni ayblaymiz, muhokama qilamiz. Oldinlari odamlar bu binoga qoʻrquv bilan qaraganlar. Endi atrofida bemalol sayr qilib yurishibdi. Shu binoning roʻparasidagi maydonchada mazza qilib muzqaymoq yalashadi. Qiziq... hozir ham yertoʻlada mahbuslar bormikin? Paxta ishi bilan qoʻlga olinganlar balki shu yerdadir? Balki ularni ham qiynashayotgandir? Balki kimdir qiynoqqa chidolmay kimnidir sotayotgandir. Ayni shu damda sotayotgandir... Oradan yana ellik yil oʻtgach, yana kimdir hujjatlarni titib, ularning qilmishini muhokama etar, ayblar. Hozir esa... imzolar chekilyapti, shu imzolarga qarab hukmlar oʻqilyapti... Ellik yil avval Falonov bilan Pistonchiyan bu binoda gerdayib ish yuritishgan. Ajabki, hozir Pistonov bilan Falonchiyan shunday. Bu nima? Taqdir hazilimi yo qonunimi? Yana ellik yil keyin bu binoda kim gerdayib yuradi?..»

Anvar bu binodan koʻzini olib, favvoraga tikildi. «Narigi binoda «ustoz» oʻtiribdi. Nimalarni xayol qilib, qaysi tirnoq ostidagi qanday kirlarni izlayapti ekan? Hikmat domlaga borib aytayinmi? Nima deyman? «Sizga qarshi bir ish qilmoqchi» deymanmi? Buni eshitib, domla odaticha kulib qoʻyar. «Ustozingizning kasbi shu», deyish bilan cheklanar. Ichini it tatalasa ham sezdirmas. Men gap tashuvchi bir nodon bola kabi izimga qaytarman...»

Anvar hujjatxonadan chiqayotganidayoq Hikmat Oʻrolovnikiga borishni moʻljal qilgan edi. Bir oz yurib, oʻylangach, Xolidiyning maqsadini aniq bilmay turib borishni ma’qul koʻrmadi. Favvoraga yana bir muddat tikilib oʻtirgach, oftobda qizib, oʻrnidan turdi-da, uyga qarab ketdi. Mahallaga yetganida «Elchinning xotini chiqqandir, xabar olay, yana oqibating yoʻq, deb mingʻirlab yurmasin», deb oʻngdagi tor koʻchaga burildi.

Darvoza eshigi ochiq boʻlgani uchun qoʻngʻiroqni chalmay, ichkariga kirdi-da «Elchin!» deb chaqirdi. Elchin daraxt soyasiga buklama karavotni qoʻyib, uxlab yotgan edi. Anvarning ovozini eshitib, erinibgina boshini koʻtardi.
— Sen ham oʻris generallariga oʻxshab joningning huzurini bilasan, — dedi Anvar karavot qirrasiga oʻtirib. — Arman radiosidan «kunduzi kim uxlashi mumkin?» deb soʻrashganda «Boyning kuyovi» deb javob bergan ekan.

Elchin uning haziliga jilmayib ham qoʻymadi. Aslida Anvar ham hazillashadigan kayfiyatda emasdi. «Oshnamning dardi menikidan ogʻirroq», degan fikrda oʻzicha Elchinning koʻnglini koʻtarmoqchi edi.
— Ha, — dedi Anvar uning tumtayib yotganini koʻrib, — qani, bir oʻng tomoning bilan tur-chi. Seni odam deb koʻrgani keldim.
— Kelganing yaxshi boʻldi, uyingga bormoqchi edim,— dedi Elchin yotgan yerida.
— Nechuk? Biz gʻariblarni...
— Bachkanalashma. Masala jiddiy, — dedi Elchin qaddini koʻtarib. — Sen anavi gapni birovga aytibmiding?
— Qaysi gapni?
— Asadbekning gumonini.
— Unimi? — Anvar chuchmalroq tarzda javob bermoqchi edi, ammo gapni aylantirib, aldagisi kelmadi. — Aytuvdim... bir tanish prokurorga...
— Uningni aralashtirma, devdim-ku?
— Aralashtirganim yoʻq. Shu masaladan ogoh boʻlib turing, Asadbek tuhmat qilib qolsa, laqqa tushmang, dedim. Birov surishtirdimi?
— Prokuraturaga chaqirtirishdi.
— Kim?
— Sharipov degani.
— Zohidmi? Nima dedi?
— «Qaynotangiz nima uchun sizdan gumonsiradi?» deb soʻradi.
— Nima deding?
— Nima sababdan gumonsiraganini bilmayman. Bilib qolsam, Anvar degan laqma oshnam bor, oʻshanga aytaman, sizga oqizmay-tomizmay yetkazadi. Keyingi paytda shunaqaroq boʻlib qolgan, dedim.

Bu gapdan Anvar ranjidi. «Shuni odam deb yoʻqlab keldimmi?» deb afsuslandi. Hozir uning pichingiga javob qaytarsa gap talashib qolishlari mumkinligini bilib, indamadi. Boshini xam qilib oʻtirdi. Elchin bu holatni pushaymonlikdan deb tushunib, jahl otidan tushdi. Bir nafaslik sukut keraksiz gaplar seli yoʻliga toʻgʻon boʻldi.
— Zaynab chiqmadimi? — deb soʻradi Anvar boshini koʻtarmay.
— Uch-toʻrt kundan keyin, deyishyapti.
— Tezroq chiqsa sen ham tinchirding, uying ham huvillamas edi. Xotinim onasinikiga ketsa, uy meni yutvoray deydi. Bir kunga zoʻrgʻa chidayman. Tagʻin ham sen temirdan ekansan.
— Sen ham tinchirding, deysanmi?.. Qaydam... Men goʻrda ham tinchimasam kerak. Jinnixonadaligingda dunyoning formulasini topganingni aytuv-ding, esingdami?
— U esdan chiqadigan formula emas.
— Men ham bekorchilikda yoti-ib, boshqacharoq formula kashf etdim, — Elchin shunday deb koʻkrak choʻntagidan shapaloqday gazeta parchasini olib uzatdi.

Anvar gazeta hoshiyasidagi Elchin «formula» deb atagan yozuvni oʻqidi:
— «Dunyo = qalloblik + firibgarlik + muttahamlik + hasad + igʻvo + poraxoʻrlik + zoʻrlik + kazzoblik + fahsh = (oʻlim)». Formulangga uncha tushunmadim?

Elchin gazeta parchasini uning qoʻlidan olib, ikki bukladi-da, yana choʻntagiga soldi.
— Tushunish uchun oʻqish kerak. Buning maktabida men oʻqib kelganman.
— Shunaqa dono boʻlib ketdingmi? — dedi Anvar kesatib.
— Endi bildingmi? Oʻn yil akademiyada oʻqidim. Sen bitta qallob bilan olishib mingʻirlab yuribsan. Men koʻrgan qalloblar oldida seniki farishtaning oʻzi-ku?
— Ol-a! Sen shu farishta bilan oʻn yil emas, oʻn kungina birga boʻlsang bilarding.
— Men bilgan narsalarni bilishing uchun sen yana yuz yil yashashing kerak. Men kashf etgan formula — haqiqat! Buning chorasi esa yolgʻiz oʻlim. Qallobni oʻldirasan — firibgar senga roʻpara boʻladi. Firibgarni oʻldirsang, fahshga duch kelasan. Bularni oʻldirib qutuldim, deb turganingda qallobning farzandi ulgʻayib turibdi-da. Qayoqqa qochasan? Birdan-bir panohing — oʻlim!
— Sen menga taqlid qilyapsanmi?
— Senga ahmoq odam taqlid qiladi.
— Unda oʻlimni istab qoldingmi?
— Oʻlgim ham yoʻq... Xohlaymizmi, xohlamaymizmi qachondir oʻlamiz. Ungacha muttahamlarning oyoqlari ostida xor boʻlib yashash alam qiladi. Dunyoni osonlikcha ularga tashlab ketish undan ham yomonroq.
— Koʻnglim xijil boʻlib turuvdi, yurakni battar siqding.
— Ana shunaqa, haqiqat chatoq narsa. Hatto adolatparvar olimlarning ham yuragini siqib yuboradi.
— Bas qil, boʻlmasa hozir yorilib ketaman, — dedi Anvar ovozini bir oz balandlatib. — Men bu yerga bir ish bilan keldim. Qaynotangga uchrashishim kerak.
— Nechuk, qaynotamga ishing tushib qolibdi? Bunaqa odamlardan hazar qilar eding-ku? Formulamning yana bir isboti bu: dunyo shunaqaki, hazar qilgan odamlaring qarshisida tiz choʻkasan.
— Formulangni qoʻya tur. Qaynotang bitkazib beradigan ishim bitmay qoʻya qolsin. Bir marta jinnixonadan chiqarib bergani butun umrimga tatiydi. Esingdan chiqdimi, otasi masalasida iltimos qiluvdi. Arxivni kavlashtirdim, endi natijasini aytishim kerak.
— Oʻzi nimayu otasi nima boʻlardi?

Bu gapni eshitib, Anvar kulimsirab, qoʻlini uning yelkasiga qoʻydi:
— Oʻ, kuyov bola, sal pastroq tushing. Ertaga «Elchinboy falonchining nevara kuyovi» deyishsa kerilib yurarsiz. Katta qaynotangizga atalgan imtiyozlardan foydalanib mashinalar, uylar olarsiz...
— Aravani quruq olib qochish boʻyicha jahon chempionati boʻlar ekan, bormaysanmi? — dedi Elchin, ensasi qotib.
— Hazillashayotganim yoʻq. Jiddiy aytyapman. Zoʻr odam ekan. Eshit...

Anvar hujjatlarda oʻqiganlarini bir boshdan bayon etdi. Elchin uning gaplarini boʻlmay eshitdi. Oʻrnidan turib, sigaret tutatdi.
— Xoʻsh, endi nima deysan? — dedi Anvar gʻolib odamning ovozida.

Elchin darrov javob bermadi. Bir oz oʻylanib turgach, buklama karavotning qirrasiga oʻtirdi.
— Nima derdim, kesakdan olov chiqibdimi? Bunaqa qahramonlar son mingta. Sezib turibman, sen hujjatlarni oʻrganib, oʻzingcha bir narsani kashf etgansan. Hozir shuni pesh qilib, men bilan bahslashasan.
— Sezgingdan oʻrguldim, sening. Qani, ayt, nimani sezding? — Anvar shunday deb qogʻozlarini tartibga keltirdi.
— Sezganim shuki, otasi qamalmasa, Asadbek bunaqa boʻlmas edi, yaxshi odam boʻlardi, demoqchisan.
— Toʻgʻri.
— Unda ayt: boshqa ming-ming qamalganlarning bolalari-chi? Ular ham Asadbekka oʻxshashadimi?
— Hammaning sharoiti bir xilmi? Men qaynotangning yonini olmoqchi emasman. Ammo jamiyatning, muhitning aybini ham chetlab oʻtib boʻlmaydi. Dunyoda hamma narsa bir-biriga bogʻliq. Qiziq narsa, eshitgin-a: urush boʻlmasaydi, Asadbekning otasi jangga bormas edi. Asirga tushmasaydi, Yugoslaviya partizanlari safida yurmas edi, shunday ekan, demak, qamalmas ham edi, qamalmagach, bolasini yaxshi tarbiya qilar edi. Asadbek yaxshi odam boʻlsa, demak, Noila oʻldirilmasdi, sen qamalmasding, Jamshid tirik qolardi. Va nihoyat...
— Va nihoyat, — dedi Elchin, doʻstining soʻzini boʻlib, — sen arxivda hujjat titib kelib, mening boshimni qotirmasding.
— Maynavozchilik qilmay tur. Yana bir narsa...
— Yana bir narsa shuki, — dedi Elchin gapni boʻlib, — adang oyingga uylanmaganlarida sen tugʻilmas eding, men ham magʻzava gaplardan qutular edim.
— Hali gapimiz magʻzava boʻldimi? — dedi Anvar ranjib.
— Magʻzava boʻlmay nima? Unaqa boʻlmasaydi, bunaqa boʻlmasaydi... Bu Asadbek boʻlmasa, boshqasi chiqardi. Unisi boʻlmasa bunisi oʻldirardi. Jamshid Asadbekka xizmat qilmasa, ana, Hosilboyvachchaga, hatto Manasyanga xizmat qilaverardi. Peshonaga yozilganidan keyin kimga xizmat qilsa ham baribir shunaqa oʻlim topardi. Yuzta-yuzta qilamizmi, otasanmi?
— Yoʻq, menga qaynotangni topib ber.

Elchin ichkari kirib, telefon qilib chiqdi:
— Shu yerda oʻtirib tur. Hozir kelib, izzatingni joyiga qoʻyib olib ketishadi.

4

Elchin qoʻngʻiroq qilganida Asadbek uyida xotini bilan gaplashib oʻtirgan edi. Bugun ertalabdan eti uvishib, yuragi siqilib turgani uchun koʻchaga ham chiqmadi. A’yonlari kelishgan edi, ularga ham javob berib yubordi. Yolgʻiz qolishni istadi. Xotiniga achchiq mastava buyurdi. Ovqat pishgach, ishtahasi boʻgʻildi, bir-ikki qoshiq ichgan boʻlib, kosani surdi. Keyingi paytda yelkasidan bir nima bosib, suyaklari zirqiraydigan, nafasi qaytib, yuragi siqiladigan boʻlib qolgan edi. Shunaqa paytda odam zotini koʻrgisi kelmay qolardi. Bu hol bir-ikki qaytarilgach, xotiniga aytdi.
— Voy adasi, darrov oʻqitib tashlash kerak, — dedi Manzura.

Asadbek bunaqa narsalarga ishonmas edi, qoʻl siltab qoʻya qoldi. Lekin Manzura aytganini qildi: erining koʻylagi, roʻmolchasi, qant, choy, mayiz olib borib domlaga dam soldirib keldi. Shu amalning ta’sirimi yo boshqa sababmi, keyingi bir oy ancha yengil edi, nechundir bugun ertalabdan ogʻir boʻlib turdi.
— Adasi, doni qolsa ham, suvini iching, — dedi Manzura, yalinish ohangida.

Asadbek xotinining koʻngli uchun yana bir qoshiq ichdi-da:
— Zoʻrlama, — dedi. — Koʻnglim gʻash. Ishtaham yoʻq.

Manzura kosani olib xontaxta chetiga qoʻydi-da, boshini egib indamay oʻtirdi.

Ertalabdan beri Asadbekning nazarida uy huvillab, egasiz boʻlib qolganday tuyulayotgan edi. Hozir xotinining mungʻayib oʻtirishiga qarab faqat uy emas, vujudi ham egasiz ekanini, ruhi ham huvillab qolganini his qildi. Ajab... axir kecha ham, bir oy oldin, yarim yil oldin ham ahvol shu edi. Kunlik ishlar, tashvishlar quyosh botishi bilan chekingach, er-xotin yolgʻiz qolishardi. Ammo nechundir Asadbek yolgʻizlikning tirnoqlari temirdan ekanini, zabtiga olganda bu qadar ayovsiz boʻlishini sezmagan edi.

«Tagʻin ham Manzuraga qoyil qolishim kerak. Zaynab uzatilganidan beri uyda bir oʻzi... Kun boʻyi qaytishimni kutadi. Avvalgiday joynamoz ustida oʻtirib, qoʻrqib kutmasa ham, xavotirlanadi. Men haqimdagi mish-mishlarni eshitadi. Eshitadi-yu... bu laqma shu gaplarning koʻpiga ishonadi-ya?.. He, noshud... Kechqurun esa men kelaman... jahlim chiqsa koʻpirtirib soʻkib qolaman. Shunda ham chidaydi...».

Asadbek xayolidan shu gaplarni oʻtkazib, ajablandi. «Menga nima boʻlyapti? Bunaqa gaplarni oʻylamasdim. Qiziq...».

Oʻzi gapirmasa xotinidan sado chiqmasligi Asadbekka ayon. Shu sababli nimadir deb, u oʻlaksa sukunatni haydashi lozim edi. Bugun bosh tabib Zaynabning ahvolini bayon etgan boʻlsa-da, xotinidan soʻradi:
— Qizing bugun-erta chiqib qoladimi?

Manzura eriga qaradi, keyin gunohkor odamday koʻzini olib qochdi:
— Ertaga chiqaramiz, deyishuvdi, bugun yana mazasi qochibdi. Oʻzim ham qoʻrqib ketdim.
— Nima boʻldi?
— A’zoi badanida birdan titroq turib oʻzini bilmay qoldi. Hartugul, ukoldan keyin tinchib, uxladi.
— Kasalxonadan chiqa qolgani ma’qul. Kasallarni koʻraverib, dardi battar oshadi. Uyiga qaytsa, yengillashadi. Doʻxtirlar kelib, qarab turishadi.
— Uyga kelgani ma’qulku-ya... — Manzura shunday deb, hadiksiraganicha eriga bir qarab oldi.
— Gapingni yamlama, — dedi Asadbek, noxush bir yangilik aytilajagini sezib.
— Endi... qanday yashab ketarkin, deyman-da...
— Bu nima deganing? Oldin qanday yashagan boʻlsa, bundan keyin ham oʻshanday yashayveradi.
— Eriga gʻalati gaplarni aytvordi-da...
— Qachon?
— Osgan kuni... Kuyovingiz keluvdi-ku?..
— Nima dedi?

Manzura eshitganlarini bir oz yumshatib aytishga harakat qildi. To soʻnggi soʻz tilidan uchgunga qadar azoblandi. Yuragi tuzoqdagi qush kabi potirladi. Agar uni birov boʻgʻsa yoinki boʻgʻizlasa, bunchalik azoblanmagan boʻlarmidi... Bunaqa ahvolda ayol kishining suyanadigan togʻi — yigʻi boʻladi. Ammo Manzura yigʻlashga eridan qoʻrqdi. Gapira turib dam-badam eriga xavotir bilan moʻltillab qarab qoʻydi. Gapirib boʻlgach, qochib chiqib ketgisi keldi. Nailojki, bunday qilolmadi. Endi erining soʻzini, hukmini tinglashga majbur edi. Hukm Manzura kutmagan holda, birgina soʻzdan iborat boʻldi:
— Ahmoq!

Erining ovozida titroq sezib, Manzura choʻchidi — bu yaxshilik alomati emas...
— Jon achchigʻida aytdi-da, — dedi qizini oqlashga harakat qilib. — Hamma gapi yolgʻon, alamidan aytib yubordi.
— Sen ahmoqsan! — dedi Asadbek ovozini koʻtarib. — Shu gapni aytgunicha indamay turdingmi? Urib, ogʻzini yorib yubormadingmi?
— Voy, adasi...

Manzuraning gapi chala qoldi. Asadbek shu paytgacha qilmagan ishini qildi — choyi sovib ulgurmagan piyolani olib, xotiniga qarab otdi. Jaholat bilan piyolani qoʻlga olganida qandaydir gʻoyibona bir ovoz «bunday qilma!» deganday boʻldi. Ammo piyolani otish uchun qoʻlga olgan, demak, otmogʻi lozim edi. Ayni chogʻda, gʻoyibona ovoz hukmidan ham qutula olmadi — moʻljalni atay buzdi. Piyola Manzurani yonlab oʻtdi-da, deraza tokchasiga tegib, sindi. Manzura qoʻrquvdan sapchib, oʻrnidan turdi.
— Oʻtir! — deb baqirdi Asadbek.

Manzura endigi boʻladigan hukmni, yoki harakatni kutib, titroq barmoqlarini dasturxon popugi ortiga yashirib oʻtirdi.
— Qizing toʻgʻri erinikiga boradi. Gapni chuvalaydigan boʻlsa oʻzim osaman uni!

Manzura eriga qaradi. Qoʻrquvdan javdirayotgan koʻzlarida «Kimni, kuyovingiznimi yo qizingiznimi?» degan savol muhrlangan edi. Asadbek bu savolni uqdi:
— Qizingga tayinla, qadamini bilib bossin. U koʻchadagi bir qalangʻi-qasangʻining emas, Asabdekning qizi! Men qizimning baxtli boʻlishi uchun hech narsadan qaytmayman.

Asadbek oʻsha voqeadan soʻng, vaqti kelsa nomus haqida gapirib qoʻyaman, deb oʻylagan edi. Hozir aytishni ham moʻljal qildi. Lekin xotinining ahvoliga qarab, bugunga shunisi ham yetarli, degan toʻxtamga keldi.

Xuddi shu paytda Elchin telefon qildi. Qoʻngʻiroq ovozini eshitib, Manzura oʻrnidan qoʻzgʻalmoqchi edi, Asadbek: «Oʻtiraver, bolalar olishadi», dedi. Manzura gap tamom boʻldi shekilli, deb dasturxon ustini yigʻishtira boshladi. Bu orada boloxonadagi yigitlardan biri derazani asta chertib, ovoz berdi:
— Bek aka, Hofiz akam soʻrayaptilar.

Bu xabarni eshitgan Manzura eriga savol nazari bilan boqib, joyida qotdi. Asadbek oʻrnidan turib «ishingni qilaver», dedi-da, uy burchagidagi yumaloq stol tomon yurdi. Sadaf rangli telefon goʻshagini qulogʻiga tutdi-da:
— Ha, Hofiz, tinchlikmi? — dedi.

Elchin maqsadni bayon qilgunicha uning gapini boʻlmadi. Soʻng:
— Oʻsha yerda oʻtira tursin. Hozir mashina yuboraman, — deb gapni kalta qildi.

Manzura hanuz eriga savol nazari bilan qarab turardi.
— Ishingni qilaver, dedim-ku! Senga taalluqli gap emas, — dedi Asadbek zarda bilan. Keyin xotinining moʻltillagan koʻzlariga koʻzi tushib, unga rahmi keldi. Picha yumshoqroq ohangda unga dalda bermoqchi boʻldi: — Zaynabdan koʻngling xotirjam boʻlsin. Kuyoving bitta gapga ishonib ketadigan ahmoq emas. Ishonganida shu paytgacha bir narsa derdi.

Telefon xabarini yetkazgan yigit ayvondan uzoqlashmay, Bek akasining amrini kutib turgan edi. Asadbek tashqariga chiqdi-da: «Mahmud akangni top», deb buyurdi.

Jamshid yoʻq boʻlganidan beri ayrim dastyorlik ishlari ham Chuvrindining zimmasida edi. Bir necha daqiqadan soʻng yigit «telefonda Mahmud akasining kutayotganini» ma’lum qildi.
— Mahmud, dam olayotuvdingmi? — deb soʻradi Asadbek.
— Xizmat boʻlsa aytavering, — dedi Chuvrindi.
— Hofiznikiga oʻtsang, oshnasi oʻtiribdi. Shu yigitni tez olib kel. Ha, hali soʻrash esimdan chiqibdi: mashina masalasi nima boʻldi?
— Oqidan yoʻq emish. Nol toʻqqizning oqidan bor. Odamlar hozir shunga ishqiboz.
— Odamlar ishqiboz boʻlsa olaversin. Menga yoqmaydi, oʻrisning tobutiga oʻxshaydi. Uzogʻi bilan ikki kun ichida boʻlsin. Zaynab shunga qarab, yo erta, yo indin chiqadi. Erining oʻzi oʻsha mashinada olib chiqishi kerak.
— Yaxshi. Kalitni oʻzingiz berasizmi?
— Shunga ham dabdabami? Mashinani olib bor. Kalitni ber. Gapni kalta qil. Oliftagarchilik qilib mingʻirlasa e’tibor berma. Ha, yana bir gap: yigitlaringdan biriga tayinla — yaxshilab bozor qilib, olim bolaning uyiga tashlab qoʻysin. «Anjondan keluvdik, bir suhbatlarini olmoqchi edik, yana kelamiz»mi degandek gap qilsin, — Asadbek shunday deb goʻshakni joyiga ildi.

«Olim bolaning xabarini eshitishimni sezganimdan yuragim siqilgan boʻlsa kerak», deb oʻylab, Anvarning kelishini kuta boshladi.

XIII bob

1

Sharif Namozovning qamoqdan chiqarilishi haqidagi xabarni olib kirganidan beri bu odamni Zohid yoqtirmay qolgan edi. Keyinroq bilsa, prokuror yordamchisi bilan yaqin aloqada boʻlgan bu tergovchini boshqalar ham uncha xushlashmas ekan. «Oʻzi chaqa olmaydi, ammo odamni seskantiradi, bu — suvilon», deb atasharkan uni. Uning qoʻlida tayinli ish ham yoʻq. Hali u xonaga, hali bu xonaga kirib laqillashdan boshqa narsani bilmaydi. Uning odati shumi, yo gap oʻgʻirlab yuradimi — Zohid aniq aytolmaydi. Unga ma’lum boʻlgani — «Suvilon» kirishi bilan tilga qulf urmoq zarur. Qoʻshningni oʻgʻri tutma, ammo oʻzingdan ehtiyot boʻl, deb bejiz aytishmagan-da.

«Suvilon»ning suhbatidan bahramand boʻlish baxti bugun Zohidga nasib etgan ekan.

Zohid eksgumatsiya xulosalarini oʻqib oʻtirganda u kirib keldi.
— Oʻ, yosh hamkasbim, ishdagi yutuqlar qalay, yaxshimi? — deb koʻrishdi.

Oʻzidan ikki-uch yoshgina katta bu «yoshulli hamkasb»ning lutfi Zohidning gʻashini keltirdi. «Boshimni qotirmay tezroq chiqib ketarmikin», degan oʻyda roʻyxush bermay koʻrishib:
— Yuribmiz, tuproqdan tashqarida, — deb qoʻydi.
— Qoyilman, chiroyli gap aytdingiz, — dedi «Suvilon» kulib. — Bizning sohamizda tuproqdan tashqarida yurishning oʻzi katta boylik! Ishdan gapiring, ishlar qalay?
— Boʻlyapti.
— Tezroq boʻldirishga harakat qilavering. Lekin sizga ham havasim keladi, ham achinaman. Havasim kelganiki, zoʻr ishlarni sizga ishonib topshirishdi. Eplasangiz, tez koʻtarilib ketasiz. Achinishimning sababi shuki, hali gʻoʻrsiz. Eplay olmasangiz, fisht, — u «kelgan joyingizga qarab joʻnaysiz», degan ma’noda hushtak chalib qoʻydi. — Lekin siz tushkunlikka tushmang. Qiynalsangiz, mana, biz bor. Tortinmang. Sizga shahar «ugro»sidagi Soliev yordam beryaptimi? Omadingiz yoʻq ekan, lanj u odam, ishni rezinkaday choʻzadi. Oʻrdakka oʻxshab, tumshugʻini balchiqqa tiqib olib, loy titkilaydi.
— Choʻzsa ham puxta ishlaydi. Xom ishdan puxtasi durust-da.
— Yanglishyapsiz. Bizning ishimizda eng birinchi galda tezlik turadi. Bilib qoʻying, yangi boʻlgan eng kattamiz boshligʻimizni suhbatga chaqirib «sust ishlayapsizlar» deganmish. Tushundingizmi? Yangi rahbarning talabi ham yangicha boʻladi. «Sust ishlayapsizlar» debdimi, demak, bizdan operativlik talab qilinadi. Ishni choʻzdingmi, tamom, joyni boʻshataver. Mana, siz: boʻyningizda ikkita qotillik turibdi. Ikkita retsidivistni ushlabsiz. Nima qilmoqchisiz?
— Nima qilardim, tergov-da.
— Gʻoʻrsiz, dedim-ku. Omad qoʻlingizga qoʻnib turibdi-ya! Guvoh bormi, bor. Oldingi qotillikni ham ularning boʻyniga qoʻying-da, yoping ishni. Ularning borar yeri tayin, — u shunday deb barmogʻi bilan havoda sirtmoq shaklini chizdi. — Bitta qotillikka ham shu, oʻntasiga ham. Nima soʻrasa, xoʻp deng, va’dani kattaroq qilavering. Boʻyniga oladi. Ishning koʻzini bilish kerak, uka.

Uning gaplarini eshitib, Zohidning koʻnglida bir shumlik uygʻondi.
— Shunaqa deysizu talabini bajarish qiyin-da,— dedi u, sodda odamning niqobiga kirib.
— Nima deydi? — dedi «Suvilon» sergak tortib.
— Qotillikni bittasi boʻyniga olmoqchi. Shuning evaziga sherigini, yana ikki kishini chet elga oʻtkazib yuborishi kerak ekan. Bu mening qoʻlimdan kelmaydi-da.
— E, siz va’dani beravermaysizmi?
— Petrashvili degani pixini yorgan ekan. Avval ular chet elga ketsin, oʻsha yerdan menga xat yozsin, keyin men boʻynimga olaman, deydi.
— Obbo zangʻar-e, qaltis joyidan ushlabdi. Men bir oʻylab koʻray-chi, yoʻli topilar, — «Suvilon» shunday deb xonadan chiqishga shaylandi.

Zohid bu gapni shunchaki qitmirlik uchun aytgan edi, uning oʻzgarishini koʻrib, ajablandi-da, eshikka yetgan joyida toʻxtatdi.
— Sizda mabodo Mahmud Ehsonovning telefoni yoʻqmi?

«Suvilon» toʻxtab, orqasiga oʻgirildi:
— Mahmud Ehsonov? Kim u? — deb soʻradi talmovsiraganday boʻlib.
— Ikkinchi murdani uning uyidan chiqarishgan-da. Asadbekka yaqin odam, deb eshitdim.
— Uni nima qilmoqchisiz?
— Hech nima qilmayman. Faqat eksgumatsiya xulosasi bilan tanishtirib qoʻyay devdim.

«Suvilon» bu gapni eshitib, oʻylandi-da:
— Bir qaray-chi, boʻlsa aytaman, — deb xonadan chiqdi.

«Agar Ehsonovning telefonini olib kirib bersang, gʻirt ahmoq boʻlasan», deb oʻyladi Zohid.

2

— Ha, «Suvilon»ing chindan ham ahmoq ekan, — dedi mayor Soliev, Zohidning gaplarini eshitgach.
— Bechora dovdirab qolgan. Agar bu qilmishini egalari bilib qolsa...
— Bilib qolishsa ham buni balo urmaydi. Buning ahmoqligini egalari bilishmaydi, deysanmi? Har- holda, aqlli odam ularga xizmat qilmas deyman-ov...
— Har qanday idorada hech boʻlmasa bitta ahmoq topiladi, demak, ular istagan idoralariga in qoʻyishlari mumkinmi? Gapingizni shunday tushunishim kerakmi?
— Xohlasang shunday tushun, xohlamasang oʻzing bilasan. Aniq gap shuki, ular hozir istagan idoralariga kirib bora oladilar. Lekin bunga bitta-ikkita ahmoqni sabab qilib koʻrsatish notoʻgʻri. Asadbekka oʻxshagan odamlar oʻtgan tarixda ham boʻlgan. Bunaqalar nihoyatda ziyrak, payt poylashadi. Agar hokimiyat qattiqqoʻllik koʻrsata boshlasa, bular in-inlariga kirib ketadilar, qoʻydek yuvosh tortadilar. Shoirlarning tili bilan aytsam, boʻrilar qoʻy poʻstiniga oʻralib, payt poylashadi. Boʻrining urgʻochisi qoʻchqordan qochsa ham baribir boʻri tugʻadi. Bular qoʻy poʻstagi ostida urchib yotaverishadi. Hokimiyatda boʻshanglar paydo boʻlsa — tamom, qoʻy poʻstini yechiladi. Hozir biz shunaqa davrning choʻqqisiga keldik. Sen mening «qarilik gashtini surishga» qanday ketganimni bilarsan?

Zohid bu voqeaning tafsilotini orqavorotdan eshitgan edi, shu bois xijolatdagi odamning kulimsirashi bilan «yoʻq», deb qoʻydi.
— Chet elda ishlab kelgan ikki odamning uyini oʻgʻri uribdi. Iziga tushdim. Tappa bosdim. Ishonasanmi, oʻn olti-oʻn yettidagi bolalar. Pulga muhtoj ham emas. Oʻgʻriboshisi kattalardan birining bolasi ekan. Ota-onasi dam olishga ketib, uyida maishat qilib yotgan ekan. Sheriklari ham oʻziga oʻxshagan takasaltanglar. Ayblarini boʻyinlariga qoʻysam ham oʻzlariga suv yuqtirishmaydi. Bezgina boʻlib turaverishdi. «Bitta telefon qilib olsam maylimi» devdi, «qani, nima qilarkin», deb ruxsat berdim. Mening xatoim shu boʻldi. Bola otasining yordamchisiga qoʻngʻiroq qildi. Biz oʻgʻirlangan mollar roʻyxatini olgunimizcha yordamchi yetib keldi. Avval yumshoq gapirdi, keyin poʻpisa qildi. Ikki soatlardan keyin bolaning otasi Yaltadan telefon qildi. Ochiq savdo boʻldi. Men bolalarni qoʻyib yuboradigan, u esa falon-falon narsalarni undiradigan boʻldi. Savdo pishmadi. Ertalab boshliq chaqirib turibdi. Yana yaxshi gap, yana nasihat, yana poʻpisa... Bularning tili birligini koʻrib, hayron qolasan. Xipchin ushlagan joyingdan emas, egilgan yeridan sinarkan. Men xipchinning bir uchini ushlab ahmoq boʻlib qolaverdim. Avval toʻrt xonali uyni boʻshat, er-xotinga bir xonali ham boʻlaveradi, deyishdi. Oʻgʻlimning oilasi bilan chet el xizmatida ekani, hademay qaytishiga ham parvo qilishmadi. Uyni boʻshatdim. Yangang bilan ajralib ketishimga sal qoldi. Xullas, izzat-ikromsiz qarilik gashtini surishga kuzatishdi. Bir yarim yildan keyin haligi kattaning oʻzi qarmoqqa ilindi. Bolasining ishi qayta qoʻzgʻalib, men yana ishga qaytdim. Mukofot tarzida menga endi besh xonalik uy ham berishdi. Koʻrdingmi, ahvolni? Sen adolat tantana qildi, deb oʻylayapsan, a? Bekor gap! — Soliev shunday deb qoʻl siltadi. — Hali kattaning aybini yana ham boʻrttirish uchun meni eslab qolishdi. Hozirgi kattalar oʻzlarini adolatli qilib koʻrsatishga urinishyapti. Ular boshqalarga jilmayib qarashadi, barmoqlari esa boʻgʻzimizda. Boʻgʻib turib «nega yaxshi nafas olmaysan», deb bizni ayblashadi. Oʻzlari esa oppoq. Mana, kechagi rahbaringni qara: Fargʻonadagi fojianing sababini qulupnay bozoridan qidirib, katta minbarda laqillatdi. Endi dumini tugishar, devdim, yana ham kattaroq amalni berib oʻtirishibdi. Yuqoridaki shunaqa ahvolmi, pastdagilarga ajablanma.
— Pashshangni qoʻrib oʻtiraver, demoqchimisiz?
— Bu endi har kimning vijdoniga havola. Men koʻpni koʻrdim. Bilganim shuki, tegirmon toshi bir xilda aylanmaydi. Lekin zamon oʻzgarguncha chidashga toʻgʻri keladi. Ke, qoʻy, bu gaplarni, — Soliev shunday deb tizzasiga shapatiladi. — Nimaga chaqirding?
— Eksgumatsiya natijasini oldim. Dastlabki ekspertiza natijasi asosan tasdiqlandi. Eksgumatsiyaga Ehsonovni chaqirtirgan edim, kelmadi.
— Keladi, deb oʻylovdingmi?
— Kelishiga oʻzim ham uncha ishonmagan edim. Kelmagani bir jihatdan yaxshi boʻldi. Uyiga borishga bahona izlab turuvdim.
— Uyida nima qilasan?
— Bir koʻray-chi, qanday yashar ekan?
— Ish uchun zarur deb oʻylaysanmi?
— Yoʻq, oʻzim shunchaki qiziqyapman.
— Qiziqmaganing ma’qul.
— Nima uchun? Axir men nimaning evaziga jonlarini xatarga qoʻyganlarini bilishim kerak-ku?
— Jonlarini mol-dunyo uchun tikkanlar, nimasiga tushunmaysan?
— Tushunmayman, Maqsud aka, tushunmayman. Xoʻp hovlisida favvora bordir, hojatxonasining devorlariga chexlarning gulli, yaltiroq kafellari yopishtirilgandir, shipiga kiyikning rasmi chizilgandir. Shumi? Jon shuning evaziga tikilgan boʻlsa, arzon ketmaydimi? Axir favvorasiz ham, kafelsiz ham, kiyikning rasmisiz ham yashasa boʻladi-ku? Odamlar bularsiz ham yashab yurishibdi-ku?
— Yashayapti. Qizigʻi shuki, bular ham bir paytlar dabdabasiz yashashgan.
— Men ham shuni oʻyladim. Men ba’zan hamma narsadan bezib ketaman. Dadamning yonlarida ketmon chopib yurganimni qoʻmsayman. Hozir borib ketmonni qoʻllaridan olsam, kechagidan yomon yashamayman.
— Sening yaxshi hunaring bor ekan. Men bechora nima qilay, birdan-bir hunarim — jinoyatchini quvib yurish.

Zohid Solievning gaplarida istehzo ohangini sezib, keraksiz hissiyotga berilganini fahmladi-da, kulib qoʻydi.
— Siz nima boʻlsangiz, men ham shu. Hozir birov menga ketmonni ishonib bermas, deyman. Siz menga bir masalani yechishda koʻmaklashing: «Suvilon» aniq maqsad bilan kirgan edi, men uni boshqa yoʻlga burib yubordim shekilli.
— Qani, oʻsha aniq maqsadini ayt-chi?
— Tushunmadingizmi? Ishni yopishim zarurligini shipshitib qoʻymoqchi boʻldi.
— Sen qanday xulosaga kelding?
— Ishni-ku, yopmayman, ammo yoʻnalishni oʻzgartiraman. Qotilni emas, Jamshid Sunnatullaevni qidiraman.
— Sabab?
— Sabab — Sunnatullaev tirik.
— Buni ular bilishadimi?
— Bilishmasa ishni yopishga urinishmas edi.
— Xoʻsh, qidirding, topding ham deylik?
— Kalavaning bir uchi oʻsha yigitning qoʻliga bogʻlangan.
— Birinchi qotillik-chi?
— Birinchisi ham.

Soliev qat’iy tarzda aytilgan bu fikrni eshitib, stol ustini nogʻora qilib chertib, oʻyga toldi.
— Chigal, nihoyatda chigal ish, — dedi ogʻir tin olib.
— Ikkinchi savol xuddi shundan kelib chiqadi. Nima uchun bu chigal ish aynan menga, tajribasiz bir tergovchiga topshirildi. Axir bunaqa ishlar tajribali odamga, yoki prokuror yordamchisining oʻziga topshirilar edi-ku? Bu gʻoʻr bola chigal ishni yechishga erinib, qoʻl siltab qoʻya qolar, deyishdimi? «Suvilon» bu ishni yopganimdan keyin koʻtarilishim mumkinligini shunchaki pisanda qilmagandir?
— Toʻgʻri anglabsan. Bu yogʻini endi oʻzing oʻylab koʻraver. Senga bir yangilik bor, kecha zargarlik doʻkoni oʻmarilgan, shu ishni menga berishdi. Hamdam esa Fargʻonada...
— Shunga hayronman, Fargʻonadagi ishlar bilan markazdan kelganlar shugʻullanayatuvdi shekilli?
— Sen hayron boʻlma, oʻyla. Mendan koʻngling toʻq boʻlsin, yolgʻiz qoldirmayman. Petrashvilini soʻroq qildingmi?
— Ha. Ammo yangi gap chiqmadi.
— Undan chiqmaydi ham. Yangisini senga men aytaman. — Soliev shunday deb, portfelini ochib, muqovalangan bir dasta qogʻozni oldi-da, Zohidga uzatdi. — Tanishib chiq, Petrashvilining ishi.
— Bunisi qiziq boʻldi, — dedi Zohid, peshonasini silab. — Shunaqa makkorlik bilan ishlagan odam nima uchun bu shilta ishga ilashib qoldi?
— Bular me’yorni bilishadi. Petrashvilining uslubi eskirdi. Endi u arzon-garov qoʻgʻirchoqqa aylangan, qadri ketgan. Petrashviliga qandaydir va’da berishgandir. Bir narsaga zoriqmasa, bunaqa ishni zimmasiga olmas edi. Uni boshqa qamoqxonaga koʻchirishga harakat qilish kerak.
— Nima uchun?
— Nima uchun? — Soliev bosh chayqadi. — Sezmadingmi? Petrashvili ham, sherigi ham yo nashavand, yo giyohvand. Bu qamoqxonada ularning odami bordir. Yetkazib berayotgandir. Yetkazuvchi zanjirini uzish kerak. Ana shunda ular xumordan tutaydi. Boshini devorga uradi. Bir chekim nasha uchun otasini ham sotadi. Hozircha «men oʻldirmaganman, men yoqmaganman», deb turibdimi, xumordan qiynalganda birinchi aytadigani «men oʻldirganman» deydi. Qotillikni boʻyniga oladi. Sen ularga ishonganday boʻlasanu boshqa tomondan bosasan. Sen shu kunlar ichi boshliq bilan yakkama-yakka gaplashishga urinib koʻr. Eshitishimcha, yangi rahbar uni suhbatga chaqirgan. Qattiq talab qoʻygan. Hozir uchrashishning ayni payti. Faqat bu idorangdagilarga bildirma. Ungacha turmada kapitan Musaev degan yigitga uchrash. Koʻrsang, xuddi chumak arining oʻzi. Agar u yerda yuzta halol odam boʻlsa, yuzning biri, bittagina boʻlsa, shuning oʻzi. Unga tayinlasang, kavkazliklaringga koʻz-quloq boʻlib turadi.

Zohidga bu fikr ma’qul tuyuldi.

3

Chuvrindi uyga hazin bir ahvolda qaytayotgan edi. Bugun unga onasining xastalanib qolganini ma’lum qildilar. U «yana oʻsha eski darddir» deb oʻylab, borishga shoshilmadi. Moʻljaldagi ishlarni baja-rib boʻlib, borib qarasaki, ahvol u oʻylagandan yomonroq. Onasi ayvonda shiftga tikilib, bemajol yotibdi.
— Kayfi yoʻqmi? — deb soʻradi Chuvrindi peshvoz chiqqan uy bekasiga.
— Yoʻq, kechadan beri soʻramaydi ham.
— Dispanserdan nima uchun olib keldingiz? — deb soʻradi Chuvrindi uy bekasidan.
— Xabar olgani borgan edim. Doʻxtirlar olib ketganingiz ma’qul deyishdi... — uy bekasi shunday deb labini tishladi. U asosiy gapni ayta olmadi.

Chuvrindi shu paytgacha onasiga salom bermagan edi. Ajabki, oʻzi istamagan holda, past ovozda boʻlsa ham salom berdi. Onasi uning ovozini eshitib, shiftdan koʻzini olib, u tomon qaradi. Lablari titradi. Bir ozdan soʻng yonogʻiga bir tomchi yosh dumaladi. Bu ayolni tanimagan odam uni hali oltmishga kirmaganiga zinhor ishonmas, kamida sakson yil umr koʻrgan kampir, deb baho berar edi.

Uy bekasi asosiy gapni aytolmagan boʻlsa ham, Chuvrindi uning nima demoqchi ekanini anglagan edi. Hozir onasiga qarab «Nahotki?» degan fikr yuragiga bir lahzalik yengil titroq berib oʻtdi. Ona deyishga ham arzimaydigan bu shilta xotin oʻlsa bir tukim ham qilt etmasa kerak, deb oʻylardi. Hozirgi ahvoliga oʻzi ham ajablandi. «Achinayapmanmi? Nega? Bu dunyoda bor boʻldi nimayu yoʻq boʻldi nima? Oʻziga yarashasini oldi. Itday xor boʻldi. Endi xorliklardan qutuladi. U-ku xorlikdan qutuladi. Men-chi? Isnoddan qachon qutulaman?»

Chuvrindi onasiga qarab shularni oʻylardi. Shu oʻylari bilan yuragida gʻimirlayotgan achinish hissini boʻgʻmoqchi boʻlardi.

Onasi esa... unga qaraganicha unsiz yigʻlardi.

Nima uchun yigʻlayotganini oʻzi ham bilmasdi.

Bu dunyodan qanday armon bilan oʻtayotganini idrok qila olmasdi...

Oʻgʻliga bir nima degisi kelardi, ammo tili gapga aylanmas edi...

Nima desin? «Bolam» desinmi? Haqqi bormi shunday deyishga. Tuqqanidan beri biror marta «bolam» deb suymagan, endi oʻlari oldida shunday deyishga til ham boʻysunmaydi. Yuragida «Bolajonim!» degan faryod uygʻonadi, ammo qotib qolgan til, bu faryodni egasiga yetkazib bera olmaydi. Yurakning tarjimoni boʻlmish til ojiz...

«Rozi boʻlgin», desinmi? Qaysi qilgan yaxshiligi uchun rozilik tilaydi?

«Roziman» desinmi? Oʻgʻli zormi ekan uning rizoligiga?

Bu ayolning hozirgi ahvolini bilgan odam umr boʻyi Yaratganga munojot etib, «Yo Rabbim, meni bu bandang holiga sola koʻrma» deb zorlanib oʻtardi.

Chuvrindining onasi «bolam» deya olmayotganidan, rozi-rizolik tilay olmayotganidan oʻkinmas edi. Chunki bunday tushunchalar uni allaqachonlar tark etib ketgandi. Toʻmtoqlashgan aqli ja’miki nurli tuygʻularni boʻgʻib oʻldirib boʻlgan edi. U yana bir necha soatlik yoki bir necha kunlik umri qolganini bilmas edi. Oʻlim toʻshagida azob chekib yotardi, deyish nojoizdir, chunki u aroq topolmagan kezlari bundan battar azobga duch kelardi...

Hozir yigʻlagisi keldi. Unsizgina yigʻladi. Avvallari kulgisi kelardi, kulardi, maishat qilgisi kelardi, qilardi. Ana endi yigʻlagisi keldi...

Ajab manzara: ona va oʻgʻil... Hech qachon birga boʻlmagan, hech qachon bir-biriga mehr koʻrsatmagan ikki tirik jon. Bu dunyoda nima uchun yashamoq lozimligini anglamagan ikki banda. Bir-birlariga aytmoqqa soʻzlari yoʻq...

Mudhish manzara: hademay jon berishi mumkin boʻlgan onasiga aytmoqqa oʻgʻilda soʻz boʻlmasa?!

Onaning aytadigan gapi bor. Uzoq yillar asragan gapini aytishi kerak. Bu haqiqatni goʻriga ortmoqlab keta olmaydi.
— Kelib tur, aytadigan gapim bor, — dedi ona xasta ovozda.
— Gapingiz boʻlsa... ayting, — dedi oʻgʻil.
— Hozir aytmayman... Jonim uzilishidan oldin aytaman.
— Nega?
— Qoʻrqaman.
— Kimdan?
— ...

Bilmaydi... Chindan ham shunday. Erining oʻlimidan beri qoʻrquvda yashadi, ammo kimdan qoʻrqqanini oʻzi ham aniq bilmadi. Bu qoʻrquv oʻsha mash’um voqeadan soʻng uygʻongan. Oʻshandan beri bu qoʻrquv xoja, u esa choʻri. Shu qoʻrquv bolasini tashlashga majbur qildi. Shu qoʻrquv uni shaharga haydab keldi. Aroq ichib, kayf qilgandagina qoʻrquv uni xoli qoʻyardi.
— Kelib tur, — u shunday deb boshini burib, nigohini yana shiftga qadadi.
— Ertalab kelaman, — Chuvrindi shunday deb darvoza tomon yurdi.
— Omonat gaplari borga oʻxshaydi, — dedi uy bekasi. — Kelib turing. Aytmasalar jon berishlari qiyin boʻladi.
— Nega? — Chuvrindi toʻxtab, unga qaradi.
— Odamlar shunaqa deyishadi. Keyin... harna boʻlsa ham sizni tuqqanlar, «roziman», deb qoʻying. Oʻzingiz ham roziliklarini oling.
— Hozirmi?
— Yoʻq. Hozir orqaga qaytmang, ertaga kelaman, deyapsiz-ku?

Chuvrindi uyga kelgach, mashinasini odaticha koʻchada qoldirdi. Oʻrtancha oʻgʻli mashinani tozalab, ichkariga haydab kirishga ishqiboz.

Shom qorongʻusi tusha boshlagani uchun oʻng tomondagi daraxtga suyanib turgan odamga e’tibor bermagan edi. Darvoza tomon uch-toʻrt qadam tashlagach, tanish ovoz eshitildi:
— Ehsonov!

Uni hech kim bunaqa deb yoʻqlamasdi, shu sababli ajablanib, taqqa toʻxtadi. Daraxtga suyanib turgan odam unga yaqinlashdi. Chuvrindi uni tanib, hayronligi oshdi:
— Ie, prokuror, sizmisiz?
— Menman. Sizni kutib turuvdim.
— Tinchlikmi?
— Eksgumatsiyaga chaqirgan edim, daragingiz boʻlmadi. Ish koʻpmi?
— Ish-ku... koʻpmas... Lekin ochigʻini aytsam... Oʻlikdan qoʻrqaman. Gapim kulgilimi?
— Men uchun kulgili emas. Chunki koʻpchilik murdadan qoʻrqadi. Tirikdan qoʻrqishmaydi, shunisi menga qiziq tuyuladi.
— Qiziqmi? — Chuvrindi Zohidga sinovchan nazar tashladi. — Tirikdan qochib yo berkinib qutulish mumkin. Oʻlikning arvohidan qayoqqa qochadi odam?
— Siz haqsiz. Ruh bir yopishsa qutulib boʻlmasa kerak.

Zohid shu gapni aytgach, «uyiga taklif qilarmikin yo yoʻqmi?» deb oʻylandi. Chuvrindi esa uning bemalol turib olib gapni choʻzayotganidan maqsadini fahmladi: «Uyga kirmoqchi shekilli?»
— Ovora boʻlib kelibsiz, xizmatingizda boʻlaylik, — dedi ozgina kinoya bilan. — Tintuv qilgani kelmagandirsiz, a?
— Tintuvga kelganimda sizni kutib turmasdim. Agar sizga m a l o l kelmasa, shu yerda turib gaplashaveramiz.

Zohidning keyingi soʻzlari Chuvrindining kinoyasiga hamohang tushdi. Chuvrindi buni sezib, kulimsiradi.
— Mening uyimga kelganlar ostonadan noumid qaytishmagan. Shu uy qurilganidan beri darvoza qulf nimaligini bilmaydi. Ishonmasangiz ana, qarang. — U shunday deb uy tomon yoʻl boshladi. Zohid darvozaga koʻz tashladi: chindan ham tutqich boru qulf yoʻq.
— Men qishloqda tugʻilib oʻsganman. Qishlogʻimizda qulflanadigan bironta ham eshik yoʻq edi. Shaharda ham shunday qilsa boʻlarmikin, devdim.
— Boʻlyaptimi? — dedi Zohid ostona hatlab.
— Boʻlyapti shekilli?

«Boʻlmay-chi — deb oʻyladi Zohid. — Bu uyga qaysi botir oʻgʻri, kimning yuragi bilan yaqinlashar ekan? Qulf nima ekan, aslida bu xonadonga darvoza ham shart emas...»

Chuvrindi uni kichik mehmonxonaga boshladi. Bu xonadonda uchta mehmonxona boʻlib, biri katta, ikkinchisi oʻrta, uchinchisi kichik hisoblanardi. Uchchovida ham dasturxon hamisha tuzogʻliq turar, odamlar soniga, hamda darajasiga qarab u yoki bu mehmonxonaga taklif qilinardi. Chuvrindi avvaliga Zohidni katta mehmonxonaga boshlab qoyil qoldirmoqchi edi. Keyin «bularning zoti qitmir boʻladi, bir baloni boshlamasin», deb «kamtarona» hisoblangan xonaga taklif etdi.

Ostona hatlab hovliga kirgan odam bir qarashdayoq xonadonning sarishta ekanini koʻradi. Moʻ’jaz favvora, shiypon, uylarning joylanishi — hammasi risoladagiday. Agar hovliga tovus bilan kiyik qoʻyib yuborilsami, ertaklardagi xon saroyining oʻzi boʻlishi mumkin.

Chuvrindi bir necha daqiqa Zohidni mehmonxonada yolgʻiz qoldirdi. Bu muddatda Zohid uy ichini koʻzdan kechirishga ulgurdi. Hovlida yurishi kerak boʻlgan tovus mehmonxona devoriga muhrlanibdi. Rassom rang tanlashga usta ekanu ammo me’yorni bilmabdi. Devorlaru shift tabiat va jonivorlar tasviri bilan toʻlgan, tasvirda faqat eshagu it boʻlmasa kerak. Bu rassomning kaltabinligimi yo xoʻjayin istagimi — Zohidga qorongʻu.

Chuvrindi kirib:
— Suratlar yoqdimi? — deb kulimsiradi.
— Rassom yaxshi ekanu...
— Hayvonot bogʻi qilib tashlabdimi?
— Ha.
— Men safarda edim. Kichkinam kirib «uni chizing» desa ham chizibdi, «buni chizing» desa ham chizaveribdi. Men oʻzim bunaqangi bachkanalikni yoqtirmayman.
— Me’morchilikdan xabaringiz bormi, deyman?
— Nega soʻrayapsiz?
— Uy tartib bilan, yaxshi qurilibdi. Me’morning qoʻli sezilib turibdi.
— Buni toʻgʻri topdingiz. Bir me’mor oshnam ishboshi boʻlib qurgan bu uylarni. Oʻzimda savod yoʻq. Maktabda ham chala-chulpa oʻqiganman. Oʻqishga havas zoʻr edi-ku, sharoit toʻgʻri kelmadi.
— Nima sababdan?
— Buning tarixini aytsam, ming bir kecha boʻladi. — Chuvrindi shunday deb tuzogʻliq dasturxon ustiga yoyilgan dokani yigʻishtirib oldi.
— Qani, marhamat qiling.
— Mehmon kutyatuvdingizmi? — deb soʻradi Zohid. — Bemavrid kelibman, shekilli?
— Kutayotgan mehmonim — siz, desam ishonasizmi?
— Yoʻq, ishonmayman, — dedi Zohid kulimsirab.
— Toʻgʻri, ishonmaysiz. Hamma gapga ishonaversangiz prokuror boʻla olmas edingiz, — dedi Chuvrindi ham jilmayib.
— Eksgumatsiya xulosalari...

Zohid shunday deb gap boshlagan edi, Chuvrindi shart kesdi:
— Bu gapni qoʻya turing. Avval taom, ba’daz kalom, deyishganmi?

Zohid «ma’qul», deganday qoʻlini koʻksiga qoʻydi.

Yaxshi hamki Chuvrindi soʻzini boʻldi. Dam oʻtmay taom kiritilib, shoʻrvani ichayotgan paytda Zohid mayor Solievning «Jamshid tirik ekaniga ishonishimizni istashyapti», degan gapini esladi. Ajab holat: avvaliga kuydirilgan murda — Jamshid, deyishdi. Endi oʻzlari «yoʻq, u Jamshid emas edi», deyishmoqchimi? Zohid shoʻrvani icha turib Chuvrindiga bir-ikki oʻgʻrincha qaradi. Chuvrindi xotirjam ovqatlanar, yuzidan, koʻz qarashidan biror ma’no uqish qiyin edi.

«Bularda bir sir bor, — deb oʻyladi Zohid. — Oʻzlariga yoqmagan odamni oʻldirib, koʻmib tashlashsa ham boʻlardi. Namoyishkorona osishlari nimani anglatadi? Maqsud aka bir narsada yanglishadilar. Ularning maqsadlari faqatgina bizni laqillatish emas. Sunnatullaev — Asadbekning odami. Agar uni Asadbek oʻldirtirsa, bunday osib qoʻymas edi. Izsiz yoʻqolgan odamlar roʻyxatiga kirardi. Boshqa toʻda oʻldirgan boʻlsa, bular nega jim? Nima uchun xotirjam? Payt poylashyaptimi? Ular kutgan fursat qachon keladi? Soʻng qanday balolarni boshlashadi? Biz odatdagiday gʻaflatda qolmaymizmi? Nahot bularning payini qirqa olmasak?»

Zohidning qorni och edi, shoʻrvani ham ichdi, keyin qoʻyilgan xasipni ham yedi, noz qilib oʻtirmadi. Tashqaridan qaragan kishi bularni ikki qarama-qarshi qutb odamlari emas, jonajon ikki doʻst shirin suhbat qilib, ovqatlanyapti, deb oʻylashi mumkin edi.

Chuvrindi «Ehsonov!» deb chaqirilib, toʻxtatilganida gʻashlangan edi. Hozir Zohidning aynan shu kech kelganidan oʻzicha rozi boʻldi. Zohid kelmaganida yolgʻiz oʻtirib, onasining tashvishi bilan band boʻlardi. Zohid tashrifi bilan undagi anduhni bir oz boʻlsa-da, chekintirdi. Ayniqsa gaplarida rasmiyatchilik ohangi yoʻqligi Chuvrindiga ma’qul keldi.

«Ovqat yeyayotganda tuppa-tuzuk odamga oʻxsharkan, a? — deb oʻyladi Chuvrindi. — Lekin mendan nima istaydi bu? Nahot meni hammasini aytib beradigan goʻl deb oʻylasa? Xoʻp, hozir hammasini toʻppa-toʻgʻri aytib berayinmi? Shunda ishonib, indamay ketadimi? Ishonib boʻpti. Yana lanjlik qiladi, yana befarosat oʻrdakka oʻxshab tumshugʻi bilan balchiq titaveradi. Boʻladigan gap shu — balchigʻini titib kunini koʻraversin. Balchiqdagi bularga yem boʻluvchi chuvalchang qayda-yu, osmondagi burgut qayda?!»

Ovqatdan soʻng Zohid ikki piyola choy ichgach, labini sochiqqa artdi.
— Choydan quyaymi? — deb soʻradi Chuvrindi, iltifot bilan. Bu iltifot pardasi ortida «qani endi gapingizni aytavering», degan ma’no yotgan edi.

Ovqatlana turib bir qarorga kelgan Zohid Chuvrindi uchun kutilmaganda qisqa gapirdi:
— Eksgumatsiya xulosasida aytarli yangilik yoʻq. Murda Sunnatullaevniki, degan taxminda turibmiz.
— Taxminda, deganingiz nimasi?
— Aniq xulosaga kelish uchun qoʻshimcha dalillar kerak.
— Qanaqa dalil?
— Bunisi endi tergov jarayonida ma’lum boʻladi. Sizdan bir iltimosim bor: biror masalada bezovta qilsam, achchiqlanmang. Sizdan gumonsirayotganimiz yoʻq, faqat marhumni yaqindan bilganingiz uchun u-buni soʻrab turamiz.
— Hayriyat-e, — dedi Chuvrindi kinoyali jilmayib. — Meni gunohkor qilib qoʻyasizmi, deb jonim halakda edi. Endi eksgumatsiya xulosasiga kelsak, u meni mutlaqo qiziqtirmaydi. Biz uni Jamshid deb oʻylab, izzati bilan joyiga qoʻydik. Boshqa jihatlari bilan shaxsan mening ishim yoʻq. Murda boshqa boʻlsa, Jamshid tirik boʻlsa, marhamat, topib bering. Topsangiz, suyunchisi bizdan. Men sizning iltimosingizni qabul qilay. Siz ham mening nasihatimni qulogʻingizga oling: baligʻi yoʻq hovuzga qarmoq tashlab ovora boʻlmang.
— Qani, bir urinib koʻraylik-chi, balki suyunchi yoningizga qolar. Balki qarmoqqa baliq ham ilinib qolar? — Zohid shunday deb fotiha qilgan boʻldi-da, oʻrnidan turdi.

«Agar niyatlari bizni laqillatish boʻlsa, men ularni chalgʻitdim», deb oʻyladi Zohid.

XIV bob

1

— Koʻrinishingdan chechenga oʻxshaysanu ona tilingda gapirmaganingga hayronman, — dedi mashina haydovchisi.

Zelixon unga darrov javob bera olmadi. Ozgina sukut saqlagach, bir xoʻrsinib dedi:
— Men chechenman. Ota yurtimda tugʻildimu boshqa yurtda ulgʻaydim. Ona tilimni bilaman. Gapirsangiz yaxshi tushunamanu oʻzim silliq gapira olmayman. Til qotib qolgan.
— Tilim qotdi, deysanmi? Unda sen ado boʻlgan odam ekansan, ogʻayni, — dedi haydovchi, orqa oʻrindiqda oʻtirgan Zelixonga koʻzgu orqali qarab.
— Gapingga tushunmadim? — dedi Zelixon.
— Ona tilini bilmagan inson oʻzini odam sanamasa ham boʻladi.
— Tiling juda uzun ekan, — dedi Zelixon achchiqlanib, — ammo aqling kaltaga oʻxshaydi. Urush davrida chechenlar boshiga tushgan kulfatni eshitmaganmisan?

Zelixonning aql xususidagi gapi haydovchiga malol keldi, qoni bir qaynadi-yu, ammo «harholda bu oʻz qondoshim», deb darrov oʻzini bosdi. Zelixonning gapiga xotirjam javob berdi:
— Eshitganman, lekin odamning oʻzini oʻzi unutishi uchun bu hech qanday imtiyoz bermaydi. Inson oʻz ona tilini oʻlgunicha unutmasligi kerak, — haydovchi shunday deb bir oz sukut qildi-da, soʻng qoʻshib qoʻydi: — Balki oʻlgandan keyin ham unutmasligi kerakdir. U dunyoda qaysi tilda hisob beradi? Senga oʻxshab ruschadamas deyman, a?

Zelixon uning bir aytgan fikridan qaytmasligini bilib, kulimsiradi:
— Oʻjarligingdan chechenga oʻxshaysan.

Bu gap haydovchiga ma’qul kelib, xaxolab kuldi.
— Nima desang, de: men chechenman! Ha, meni qiymalab tashlasang ham har bir boʻlak goʻshtim «men chechenman!» deb hayqirib turadi. Ana, togʻlarni koʻryapsanmi? Mening bobolarimning bobolari, ularning-da bobolari ana shu togʻlar kabi magʻrur boʻlishgan. Otam ham magʻrur edi, men ham magʻrurman. Chechen boʻlganim uchun magʻrurman. Mening bolalarim ham magʻrur. Ularning bolalari ham magʻrur boʻladi. Togʻni shamol yoki yomgʻir yemirib tamom qilganda bizning gʻururimiz ham yemiriladi, uqdingmi, dono odam?

Haydovchi shunday deb qoʻshiq ayta boshladi. Zelixon bu qoʻshiqni avval eshitmagan edi. Ayrim tanish soʻzlardan, qoʻshiqning avjidan vatan haqida ekanini angladi.

«Baxtli odam ekan, bu oʻjar, — deb oʻyladi Zelixon. — Vatani bor, gʻururi bor. Bolalari ham bor. Ular ham magʻrur. Xuddi togʻ choʻqqilariday magʻrur... Menda nima bor?»

Shu gaplarni xayolidan oʻtkaza turib Ismoilbeyning gʻamgin chehrasi koʻz oldiga kelib, qulogʻi ostida uning ovozi jarangladi: «Vatani yoʻqning iymoni yoʻqtur...»

Zelixon xayolga berilib, qoʻshiq tugaganini sezmay qoldi. Haydovchi unga avval koʻzgu orqali qaradi, soʻng bir oʻgirilib oldi:
— Nimalarni oʻylayapsan? Qoʻshiqqa tushundingmi?
— Tushundim. Vatan haqida kuylading.
— Hech baloga tushunmabsan. Men dedimki, agar Vatan meni suymasa men uni suyarman. Agar meni nimtalasalar-da bir boʻlagimni Qora dengizga, birini Oq dengizga, birini Hazorga tashlasalar mayli, roziman, faqat bir oʻtinchim bor: yuragimni Vatanda qoldirsinlar. Ana shunda mening nimtalarim yuragimga talpinarlar, kelarlar va birlasharlar! Yurak — Vatandir, Vatan — yurakdir! Kim oʻz yuragidan voz kechadi? Hech kim! Ey Rabbim, oʻzga yurtda jonimni olib, jannatdan joy berganingdan koʻra, jonimni oʻz Vatanimda olu shuning evaziga joyni doʻzaxingdan beraver! Endi qoʻshiqning mazmunini angladingmi, birodar?
— Angladim, — dedi Zelixon. Keyin bir tin oldi-da, Ismoilbey soʻzlarini takrorladi: — Vatani yoʻqning iymoni yoʻqtur...
— Yaxshi aytding. Ona tilingni bilmasang ham, kallang joyida ekan.
— Buni men aytmadim. Bir turk oqsoqoli aytgan edi. Urush davrida ularni ham Vatandan haydaganlar. Musofirlikda oʻldi, Vataniga qarab turib, joni uzildi.
— Qarab turib, dedingmi? Tushunmadim?

Zelixon Ismoilbeyning soʻnggi daqiqalarini aytib berdi. Haydovchi gardanini silab qoʻyib:
— Ha-a... — dedi. — Oʻzbeklar yomon qilishdi. Ulardan buni kutmagan edim. Oʻzbek yigitlar bilan birga xizmat qilganman. Moʻmin bolalar edi, hayronman...
— Nega hayron boʻlasan? Ularni bila turib shu igʻvo gaplarga ishondingmi?
— Ishonmay boʻladimi? Televizorda koʻrsatib turibdi. Gapirib turibdi. Kattasi ham aytdi, qulupnay talashishibdimi?
— Xafa boʻlmaginu, ammo ahmoq ekansan. Oldingi gaplaringni eshitib senga ixlosim oshayotuvdi. Bu gaplaring koʻnglimni aynitdi.
— Xoʻp, men ahmoqman. Televizor yolgʻonni aytayotgan ekan, oʻzbeklaring nimaga jim turishibdi? Gʻururi bormi oʻzi ularning? Bizga tuhmat qilyapti, deb dunyoni algʻov-dalgʻov qilib yuborishmaydimi!
— Aytishga oson. Hozir men choʻntagimdan ingichka sim arqon olib boʻyningga tashlab siqay, sen esa dunyoni algʻov-dalgʻov qilib ber menga.

Haydovchi indamadi. Yoʻl ikkiga ayrilgan joyga yaqinlashgach, mashinani sekinlatdi.
— Menga qara, birodar, ovulingga bugun borishing shartmi?
— Nima edi?
— Shu yerdan oʻttiz chaqirim yursak, mening ovulimga yetamiz. Sen chechen boʻlsang ham hozir qoʻnoqsan. Qoʻnoqni ovulimdan chetlab olib ketsam, menga la’nat yogʻiladi.
— Shoshilayotganim yoʻq... Meni birov kutayotgani ham yoʻq.
— Shoshilmaganing yaxshi, ammo birov kutmagani yomon. Chechenni birov kutmasa yomon, juda yomon.

Kichikroq bir dovonni oshib oʻtishgach, pastda bir qishloq koʻrindi. Aslida ularni bu yerda hech kim kutmayotgan edi. Haydovchi daryo yonidagi bir uy oldida mashinani toʻxtatdi.
— Bu uy opamniki, — deb ichkari kirdi. Bir ozdan soʻng qaytib chiqib, Zelixonni ichkari taklif qildi. Xonadonda erkaklar koʻrinmadi. Ayollar tezlik bilan joy hozirlashdi. Choy qaynaguncha erkaklar ham kelishdi. Dam oʻtmay hovli odamga toʻldi. Birov Zelixonga sen kimsan, qaerdan kelding, boshingda qanday tashvishlar bilan yuribsan, demadi.

Bu xonadonda bir soatcha oʻtirishgach, boshqa xonadonga taklif etildilar. Shu zaylda yarim tunga qadar mehmondorchilik boʻldi. «Hammani ham shunday kutishadimi yo mengagina iltifot koʻrsatishyaptimi?» deb oʻyladi Zelixon.

Tunda daryo boʻyidagi sayhonlikda gulxan yoqildi. Zelixonni boshlab kelgan taksi haydovchisi yurakni larzaga soladigan hazin qoʻshiq boshladi. Bir nafasdan soʻng uch-toʻrt erkak unga joʻr boʻldi. Sayhonlikka odam toʻplana boshladi. Qishloqdagilar uxlayapti, deb oʻylagan Zelixon ajablandi. Hazin qoʻshiq oxirlagach, kuy yangradi. Dilni yayratdi. Yoshlar oʻyin-kulgi boshladilar...

Tongga yaqin haydovchi bir ozgina mizgʻib olgach, yoʻlga tushdilar. Zelixon undan «qalay, ovulim yoqdimi?» degan savol kutdi. Undan hadeganda sado chiqavermagach:
— Ovuling menga yoqdi, — dedi.
— Hayron boʻlma, sening ovuling ham xuddi shunday, — dedi haydovchi.

2

Uch-toʻrt odam qulochi arang yetadigan yoʻgʻon chinor qishloq guzari hisoblanardi. Chinor soyasida gurunglashib oʻtirgan qariyalar toʻxtagan mashinaga, undan tushgan yoʻlovchiga jiddiy e’tibor qaratmadilar. Haydovchi ularga yaqinlashib, salom bergach, maqsadini aytdi. Shundagina qariyalar mashinadan tushib, ochiq eshikka jagʻini tirab turgan Zelixonga tikilib qarashdi.

Haydovchi iziga qaytdi-da, Zelixonga:
— Avval shularga salom ber. Bular ota-bobongni eslashdi, — dedi. Keyin joyiga oʻtira turib qoʻshib qoʻydi: — Ovulimni koʻrding. Boshingga ish tushib qolsa toʻgʻri boraver. Kechagi gaplarimga xafa boʻlma. Men toʻgʻri gapni yaxshi koʻraman.

Zelixon unga rahmat aytib, kelishilgan kira haqini uzatdi. Haydovchi bir pulga, bir Zelixonga oʻqrayib qaradi-da:
— Sening chechenligingga ishonmay qoldim! — deb eshikni jahl bilan yopdi.

Zelixon shitob bilan qoʻzgʻolgan mashina ortidan bir oz qarab turdi-da, pulni choʻntagiga qayta solib, ogʻir qadamlar bilan qariyalar tomon yurdi.

Nazarida bobosi olamdan oʻtgach, bu yerga kelib qolganday, shu qariyalar davrasiga qoʻshilganday, hozir esa davradan ajralib chiqib quchoq ochib kutib oladiganday edi. Shu fikrda davraga yaqinlashgach, bobosiga oʻxshagan bir qariyani koʻrdi-yu, yuragi shigʻ etib ketdi.

Oqsoqollar salomiga alik olishib u bilan qadrdonlarday quchoqlashib koʻrishishdi. Soʻng davra oʻrtasidan joy berishdi. Zelixon bulardan ham «tilingni bilmaysanmi» degan ta’nani eshitmayin, deb xijolat boʻlib turgan edi, bobosiga oʻxshatgan qariya ruschalab gap boshladi:
— Bobongni tanirdim. U tengsiz polvon edi. Chechen ovullar nima ekan, u yoqda ingush ovullar, u yoqda avarlar, qoʻmiqlar... Eh-he, kurash bor joyda polvonlar undan zirillab turishardi. Uning kuragi bir marta yerga tekkan. Uni oʻttiz oltinchi yilda men yengganman. Xuddi shu yerda. — Qariya shunday deb moʻylovini burab qoʻydi. — Men yosh edim, u esa keksaya boshlagan edi. Yiqitishga yiqitib qoʻyib, «ustoz, kechiring» debman. U oʻrnidan turib, meni quchoqlab, peshonamdan oʻpdi. Keyin bir tarsaki tushirdi. Odamlar hayron boʻlib soʻrashdi: «Quchoqlab oʻpganing nimayu urganing nima?» U aytdi: «Meni yenggani uchun quchoqlab oʻpdim. Kechirim soʻragani uchun tarsaki tushirdim» Ha... shunaqa odam edi... Ammo otangdan polvon chiqmadi. U urushga mendan oldinroq ketgan edi. Men qaytdim, undan darak boʻlmadi...

Qariyalar shoshilmasdan, birining gapiga ikkinchisi aralashmasdan qiziqqan savollarini soʻray boshladilar. «Shu paytgacha nima uchun kelmading?» degan savolga Zelixon «Uy-joy, bola chaqa bilan oʻralashdim», deb bahona qildi. Bu gapni eshitib oqsoqollar jim boʻlishdi. Ayrimlari «attang» deganday boshla-rini sarak-sarak qilib qoʻyishdi. Bobosiga oʻxshagan qariya esa burgutniki kabi oʻtkir nigohini unga qadadi-da:
— Bobong tirik boʻlganida shu gaping uchun bir tarsaki tushirardi, — dedi.

Zelixon «nima uchun?» deb soʻramadi. Yolgʻoni fosh boʻlganini sezdi.
— Boshqa sabablar ham bor, — dedi boshini egib.
— Oʻsha boshqa sabablarni gapirishing joiz edi. Bizni bu avloqda poʻpanak bosib yotgan chollar, deb oʻyladingmi? Qamoqdan qachon chiqding?
— Bir yil boʻlib qoldi.
— Nima qilmoqchisan?
— Ovulga sigʻsam, shu yerda qolaman.
— Ovulga sendaylardan millioni boʻlsa, millioni sigʻadi. Qani, tur oʻrningdan, orqamdan yur.

Ular bir yuk mashinasi sigʻadigan tuproq yoʻldan yuqoriga qarab yurishdi. Qariya Zelixondan chaqqonroq edi. Uch-toʻrt qadamdayoq ilgarilab ketdi. Aylanma yoʻllardan bir oz yurishgach, pastqamroq bir uy qarshisida toʻxtashdi.

Hovlida joʻxori chopiq qilayotgan odam ularni koʻrib, ishini toʻxtatdi-da, peshvoz chiqdi:
— Keling, Alibek ogʻa, — dedi u qariyaga, soʻng Zelixonga sinovchan tikildi: — Zelixonmisan?
— Ha, Zelixon, yanglishmading. Men senga aytardim-a, bir kunmas-bir kun keladi, deb... — Qariya Zelixonga qaradi. — Mana shu sening uying. Arslon urushdan qaytganda uyi kuyib ketgan edi. Maslahatlashib, shu yerga koʻchirdik. Sen xohlagan kuning uyni boʻshatib beradi.

Arslon oʻz oʻgʻlini kutib olayotgan ota mehri bilan Zelixonni mahkam quchoqladi.
— Otang mening qadrdonim edi. Sen tugʻilganda chunon yayraganmizki, sen soʻrama, men aytmayin.

Uy uch xonadan iborat, ikkitasini Arslon band qilgan, bittasiga uy egalaridan nimaki qolgan boʻlsa, asrab qoʻyilgan edi. Egallangan ikki xona supurib-sidirilganda, bu xona ham albatta tozalanardi. Arslon Zelixonni shu uyga boshladi. Xona egasizga oʻxshamas, uy bekasi hozirgina yigʻishtirganday sarishta edi.
— Bu xona ketganlaringdan beri seni kutyapti, — dedi Arslon. — Bobong bilan onangni Xudo rahmat qilsin, ularning qaytish qilganlaridan xabarimiz bor. Alibek ogʻam toʻgʻri aytdilar, seni kutdik. Xudoga shukr, kelding. Ota-onang, bobongning buyumlari shu yerda. Hatto... — Arslon kulimsiradi, — sening ishtonchalaring ham javonda turibdi...

U shunday deb Zelixonni yolgʻiz qoldirdi.

Zelixon oyogʻidan mador ketayotganini his qilib, asta tiz choʻkdi.

Shu uyda kindik qoni toʻkilgan, shu uyda emaklab yurgan, shu uyda «ona» deb tili chiqqan. Bu uyda otasi, onasi, bobosining izlari bor. Bu devorlarga ularning ovozlari singib qolgan... Balki ruhlari ham shu uyda uni necha yillardan beri chirqirab kutayotgandir? Nega shu paytgacha kelmadi? Agar Ismoilbey oʻlmaganida, oʻlim oldidagi gaplarini aytmaganida umuman kelmasmidi bu yerlarga... Shu tomonlarga necha marotaba yoʻli tushdi. Bir yili «ovulimni borib koʻray», deb qasd ham qildi. Ammo yarim yoʻldan qaytdi, oyogʻi tortmadi. Oyogʻi tortmaganining sababi bor — hali unda iymon koʻz ochmagan edi. Ruhi jaholat botqogʻida biqsib yotardi.

U oʻrnidan turib javonga yaqinlashdi. Eshigiga yuzini qoʻyib turdi. Shu eshikni onasi necha marotabalab ochgan. Qoʻllari taftlari hanuz saqlanib qolgandir?..

Oradan koʻp oʻtmay hovlida jonlanish sezildi. Zelixon tanimagan ovuldoshlari uni ziyorat qilgani yigʻila boshlagan edilar.

Uning hovlisi uch kechayu uch kunduz toʻyxonaga aylandi. Qoʻylarni olib kelganlar kimlar, soʻyganlar kimlar, dasturxon tuzaganlar kimlar — bilmaydi. Uch kun davomida qishloqning erka farzandi sifatida izzatda boʻldi. Necha xonadonda mehmonda boʻlganini sanayman, deb sanoqdan ham adashdi.

Toʻrtinchi kuni Alibek oqsoqol kirdi.
— Endi nima qilmoqchisan, shu yerda qolasanmi? — deb soʻradi u dabdurustdan.
— Shunday niyatim bor, — deb javob berdi Zelixon.
— Arslon uyni boʻshatsinmi?
— Men soʻqqabosh boʻlsam, bitta xona ham yetadi. Ularga malolligim kelmasa bas.
— Qoʻlingda hunaring bormi?

Zelixon panjalariga qarab, kulimsiradi. Gulday hunari bor-a, ammo cholga poʻlat sandiqlarni qanday ochishiyu, qulflarni qanday ustalik bilan buzishini aytsinmi?
— Yomon, juda yomon, — dedi Alibek oqsoqol. — Chechen yigitning hunarsiz boʻlishi yomon. Sen otboqarga yordamlashasan, raisga aytib qoʻydim.
— Ish boʻlsa qochmas, yana uch-toʻrt kun dam olay, — dedi Zelixon.

Bu gapni eshitib oqsoqol qalin qoshlarini chimirdi. Burgut koʻzlarini eslatuvchi nigohi yondi:
— Sen erkakmisan? Erkak odam ogʻzini ochib yotishi mumkinmi?

Zelixon uning chindan achchiqlanganini sezib:
— Xoʻp, ertadan chiqaman, — dedi.
— Hoziroq ishga joʻnaysan, qani, oldimga tush!

Zelixon qaysarlik qilmay unga ergashdi. Uning izidan bora turib «bobom tarsaki tushirib yaxshi qilgan ekanlar», deb qoʻydi.

3

«Otboqarga qarashasan», deyilganda «em-xashagini berarman, sugʻorarman», deb oʻylagan Zelixon yanglishgan edi. Yoshi yigirma beshlarda boʻlgan qoruvli yigit koʻrinishi ziyolinamo yordamchisiga qarab, qoshlarini chimirib qoʻydi. Otboqar ham koʻpchilik qatori Zelixonni ziyorat qilgan, uning oʻtmishi, hunari nima ekanini ham bilardi. Shu bois yangi yordamchisini xushlamayroq qabul qildi. Bir nima deb rad etishga Alibek oqsoqoldan qoʻrqdi. Chol «Ollohga topshirdim», deb ketgach, Zelixon daraxt soyasidagi taxta oʻrindiqqa borib oʻtirdi.

Otboqar unga bir oz qarab turdi-da:
— Yuring, ishlash kerak, — deb otxona tomon yurdi.

Zelixon, «ishlasak ishlaymiz-da», deb mingʻirlab unga ergashdi. Ichkariga kirgach, otboqar devorga suyogʻliq belkurak bilan uzun dastali supurgini olib, unga uzatdi:
— Avval goʻngni bir yerga toʻplang. Keyin zambilgʻaltakda tashib chiqasiz.

Otboqarning buyrugʻi qat’iy, qisqa va loʻnda edi.

Bu buyruqdan Zelixonning bir ensasi qotdi, bir gʻashi keldi, bir jahli chiqdi. Keyin oʻzini yengishga kuch topib, asta ishga kirishdi. «Qamoqda ham bunchalik xor boʻlmagan eding, akademik, — deb oʻyladi u, — yura-yura topganing goʻng tashish boʻldimi?»

Bir qadam oraliqdagi goʻngni surgach, belkurakni joyiga qoʻyib, tashqariga chiqdi-da, soyadagi oʻrindiqqa borib oʻtirdi. Saman otni qashlayotgan otboqar u tomonga bir-ikki norozi qiyofada boqdi. Soʻng Zelixonning bemalol oʻtirib olganidan achchiqlanib, unga yaqinlashdi.
— Darrov boʻldingizmi? — dedi kinoya ohangida.
— Kunlik norma bitdi, — dedi Zelixon mazax ohangida. — Menga qara, komsomol, shu otxonaning hammasini tozalab chiqsam, kolxozing menga necha pul yozadi?

Bunday savolni kutmagan otboqar bir oz oʻylanib, soʻng javob berdi:
— Sakkiz soʻm yozar deyman, buni surishtirmaganman.
— Agar sen tozalasang-chi?
— Men tozaladim nimayu siz tozaladingiz nima? Ish bir boʻlganidan keyin haq ham bir boʻladi-da.
— Yoʻq, men xashaki ishchiman. Sen esa tajribali otboqarsan. Sen bajargan ishning sifati boshqacha boʻladi. Shuning uchun senga oʻn soʻm yozishar. Komsomol, kel, kelishaylik: men senga oʻttiz soʻm beraman, sen esa meni tinch qoʻyasan.

Otboqar qoshlarini chimirdi:
— Savdoni boshqacha qilaylik: men sizga oltmish soʻm beraman, siz esa menga oliftagarchilik qilmaysiz.
— Xafa boʻldingmi, komsomol?
— Siz shu gaplarni aytishga uyalmadingiz, a? Men esam gapingizni eshitib, sizdan nafratlandim, bilib qoʻying.
— Sen tushunmading, komsomol. Men ishdan qochadigan odam emasman. Kurortda yurib, allergiya degan kasal orttirganman. Kasalim ot goʻngining hidiga qoʻziydi. Nafasim boʻgʻiladi. Ishla, desang, ishlayveraman, boʻgʻilib oʻlsam, tovonimga qolasan.

Otboqar rost gapiryaptimi yo yoʻqmi, degan ma’noda qarab turdi-da, ensasi qotib, nari ketdi.

Zelixon savdosi pishmaganidan afsuslanib, yana bir oz oʻtirdi-da, soʻng noiloj otxona tomon yurdi.

Uch kunlik izzat-ikromdan soʻng, u ham qishloqning oddiy faqiriga aylandi. «Endi ahvol shumi? — deb oʻyladi u. — Ertalab uyqudan uygʻonaman, nonushta qilaman, soʻng otxonaga borib goʻng tashiyman, keyin uyga qaytaman, laqillab oʻtiraman... balki bir bevaga uylantirib qoʻyishar. Uni bagʻrimga bosaman, sochidan molxonaning hidi kelib turadi...»

Zelixon bunday hayotga koʻnikmagan edi. Shu yoshga kirib biron yerda qoʻnim ishlamagan, qoʻnim uy-joyi boʻlmagan, shaharning olagʻovuriga, maishatlariga, dimogʻi juvonlardan taraluvchi yoqimli hidlarga oʻrgangan odam uzoq togʻli qishloqning osoyishta hayotiga koʻnika olarmidi?

Vatan tuygʻusi, Vatan mehri degan tushunchalar endigina uygʻonayotgan odam bir dumalab boshqa insonga aylana olarmikin?

Otxonadagi «mehnat faoliyati»ning beshinchi kuni otboqar unga «marhamat» koʻrsatib, otlarni qashlab qoʻyishdek mas’uliyatli vazifani topshirdi. Zelixon qashqa bilan muomalasini endigina boshlagan paytda otxona hovlisiga oq «jiguli» shitob bilan kirib keldi-da, maydonchada keskin burilib, toʻxtadi. Zelixon odatiga koʻra sergaklanib, oʻzini otning panasiga oldi. «Jiguli» haydovchisi mashinadan tushib, hushtak chaldi-da, u tomon qarab «bu yoqqa kel», degan ma’noda qoʻl siltadi. Zelixon xuddi oʻzini panaga olmaganday, mashina kirib toʻxtaganini sezmaganday ishini davom ettiraverdi.
— Zelya! — deb baqirdi haydovchi, yana choʻzib hushtak chalib, — Zelya deyapman! Karmisan?!

Zelixon oʻgirilib, unga qaradi. Keyin qashlagʻichini tashlab, mashina tomon yurdi. Mashinaga yaqinlashishi bilan orqa eshik ochildi.
— Oʻtir, — dedi haydovchi qoʻrslik bilan.

Zelixon uning amriga soʻzsiz itoat etdi. Haydovchi joyiga oʻtirib, mashinani yana shitob bilan joyidan qoʻzgʻotdi. Otboqar nima voqea yuz berganini idrok etolmay ham qoldi.

Zelixon orqa oʻrindiqda oʻtirgan qora koʻzoynakli yigitni bir qarashda tanidi — Moskvada Xongirey yonida koʻrgan edi uni.

Qora koʻzoynakli yigit unga qoʻlini uzatib koʻrishdi-da:
— Akademik amaliy mashgʻulot bilan band ekanlar-da, a? — deb piqillab kuldi.

«Kecha kelganingdami, akademikning goʻng tashiyotganini koʻrib, esing ogʻib qolardi». Zelixonning xayoliga shu gap keldi, tili esa boshqani aytdi:
— Ha. Darvin degan shogirdim «odam mehnat qilib turmasa yana qayta maymunga aylanib qoladi», degan ekan. Bir otboqar misolida shu nazariyaning isbotini sinayatuvdim. — Zelixon shunday deb kiborona jilmaydi, keyin jiddiylashib soʻradi: — Xongirey tinchmi? Nega meni yoʻqlab qoldi?
— Xongirey tinch. Ammo sen tinch emassan, — dedi yigit. — Fargʻonada ishkaling chiqibdi.
— Qanaqa ishkal?
— Kimlarni oʻldirmoqchi boʻlding?
— Oʻldirmoqchi boʻlding? — Zelixon ajablandi. — Kimlarni oʻldirding, demoqchimisan?
— Sen qoʻlingdan kelmaydigan oʻyinga aralashibsan. Endi sen pachagʻi chiqqan odamsan, akademik. Yaxshi hamki baxtingga Xongirey bor.
— Qani, gapni choʻzmay, maqsadni ayt-chi, — Zelixon shunday deb yigitning qora koʻzoynagini olib, unga tikildi.
— Sen qopqonga tushibsan. Endi chiqishing qiyin. Sen ishongan marja mentlarga xizmat qilgan. Sen Boʻrining tomiriga qora dori yubordim, deb oʻylab laqqa tushibsan. U qora dori emas, darmondori boʻlgan. Hozir mentlar izingga tushishgan. Seni ushlab sud qilishmaydi. Sen yoʻq boʻlishing kerak, vassalom.
— Nega?
— Negaligini oʻzing bilasan. Sen nimanidir bilasan. Bir maxfiy ishdan hid olib qoʻygansan. Kimki sen bilgan narsani bilsa oʻlishi kerak.
— Tushunarli.
— Yoʻq, hali tushunmading. Hozir uyingga borasan. Bir cholni koʻrdik, unga ishonsang boʻladimi?
— Nimani?
— Unga aytasan: sheriklarim bilan oldi-sottida ishkal bor ekan, Maxachqal’aga ketyapman, yelkamga yuz ming ilib turishibdi. Shu ishni hal qilib qaytaman, deysan. Narsalaringni olma.
— Keyin-chi?
— Keyin sen Sochiga borasan. Kommunistlar koʻchasidagi oʻttiz yettinchi uyda seni bir jonon kutyapti. Ismi Valya. Oʻsha yerda tuxum bosib oʻtirasan. Bizdan xabar yetmaguncha qimirlamaysan.
— Keyin-chi?
— Nima keyin?
— Ovulda qanaqa gap tarqatasan?
— Men gap tarqatmayman. Ertaga qoʻl-oyogʻi, boshi kesilgan murdani qopga solib, tashlab ketishadi. Seni kiyimingdan tanishadi.
— Shu shartmi? Ovulga qirq yilda endi kelishim. Meni bu yerdan qidirishmaydi.
— Agar Xongireyni ahmoq deb oʻylasang, bilganingni qil.

Zelixon unga e’tiroz bildirmay, aytganlarini bajardi. Oʻsha kuni shom qorongʻisi choʻka boshlaganda oʻzini Adlerda koʻrdi. Adlerda avtobusga oʻtirib, Sochiga, soʻng tayin qilingan Kommunistlar koʻchasiga qarab ketdi.

Valya deganlari chindan ham kuydirmajon edi. U eshikni ochib, Zelixonni koʻrdi-yu, «sizga kim kerak, oʻzingiz kimsiz?» deb soʻramadi. Xuddi safardan qaytgan erini kutib olayotganday bir shirin jilmayish hadya etib, «kiraver, yaxshi yetib keldingmi», dedi. Bunday holatga duch kelgan odam dovdirashi, «adashmadimmi, ishqilib?» deb ostona hatlashga shoshilmasligi turgan gap. Toʻgʻri-da, begona shaharga, begona uyga kelsangu bir begona huriliqo chiqib xushnudlik bilan kutib olsa?... Tanimay turib jilmayganicha qarshilayapti, hali uyga kirgach nima boʻladi, Xudo biladi.

Maosh olishni kutib yashovchi, ba’zan xizmat safariga chiqib qoluvchi, mehmonxona ostonalarida tilanchiday moʻltillab tong ottiruvchi odam uchun bu shunday gʻalat tuyuladi. Zelixon mansub olam uchun esa odatiy bir hol. Xongirey bu joyni aniq tayin qilmay, shunchaki «Sochiga borib kutsin», deb amr qilganida ham Zelixon uchun boshpana muammosi boʻlmas edi. Harholda, akademik xor boʻladigan odam emas...

Zelixon dahlizga oʻtishi bilan Valya eshikni yopib, qulfladi-da:
— Oʻngdagi eshik vannaxona. Toʻgʻridagisi yotoqxona. Kiyimlaring, hujjatlaring oʻsha yerda, — dedi.
— Sen-chi? — dedi Zelixon, — Biror yoqqa ketmoqchimisan?
— Ha, — dedi Valya qoʻllarini beliga qoʻyib, — bormasam boʻlmaydi.
— Uzoqqami?
— Uzoqqa... Bu yerdan besh qadam. Soʻng chapga. Oshxonaga. Vannadan eson-omon chiqsang yetib olarsan.

Zelixon qah-qah otib kulib yubordi.
— Hazilkash ekansan, menga shunaqalar yoqadi.
— Menga esa sendaqalar yoqmaydi. Soqolingni olishni unutma. Hayvonot bogʻidan qochganga oʻxshaysan.

Valya shunday deb keskin burildi-da, oshxona tomon yurdi.

Zelixon yuvinib chiqqach, Valya aytgan «yoʻnalish» bilan borib, oshxonaga kirdi. Valya faqat oʻziga zeb beribgina qolmay, uyni ham orasta tutar edi. Zelixon juvonning oʻzini tutishi, uydagi sarishtalikni kuzatib, «Bu yer Xongireyning qoʻnogʻi boʻlsa kerak», degan toʻxtamga keldi.
— Bu yerga Xongirey ham kelib turadimi? — deb soʻradi ovqatlanayotib.
— Bu sening ishing emas.
— Jahling tez ekan.
— Ha. Ovqatingni ye.
— Yaxshi. Birgina savolim bor: ovqatni yeb boʻlgach, nima qilamiz?
— Seni bilmayman. Ammo men yotib uxlayman, charchaganman.
— Ana xolos! Shunday soʻlim shaharda, shunday soʻlim kechada, shunday goʻzal xonim uyiga biqinib olsa... Xudoning ham qahri keladi bunga.
— Buguncha qahri kelmaydi. Sen ham damingni ol. Oʻzingni quvnoq tutishga harakat qilma. Ahvolingni bilib turibman.

Zelixon ovqatni yeb boʻlgach, Valya tezgina idish-tovoqni yuvdi-da, «yaxshi yotib tur», deb xonasiga kirib ketdi.

Zelixon orqasidan kirayinmi yo yoʻqmi, deb ikkilanib turdi. Keyin eshikni asta itarib koʻrdi: ichkaridan qulflanibdi. Zelixon «shunisi ham durust», deb qoʻyib, balkonga chiqdi. Bu yerdan dengiz qirgʻogʻi baralla koʻrinib turibdi. Sohildagi rango-rang chiroqlar, qirgʻoq boʻylab asta suzayotgan katta-kichik kemalarning chiroqlari miltillab koʻrinadi. Bu shahar kun nima, tun nima bilmaydi. Maishat, buzuqlik tanaffussiz davom etadi. Erdan bezganlar ham, xotindan kuyganlar ham shu yerda topishadilar. Buzuqlik daraxtining nimaiki mevasi boʻlsa totib koʻrib, soʻng yaxshi dam olgan yoki davolangan odam qiyofasida uylariga joʻnaydilar. U yoqda laqma erlar xotinlarini yoki nodon xotinlar erlarini guldastalar bilan kutib oladilar. Soʻng... tunda sogʻinch hislari joʻsh uradi... Aslida qiyomat sodir boʻlsa shu yerda boshlanishi kerak...

Balkonda turgan Zelixon bularni oʻylamaydi. Chunki buzuqlik uning uchun gunoh sanalmaydi. Ishtoni yoʻq ishtoni yirtiqqa kuladi, deydilar. Zelixon bu maqolning aksi oʻlaroq, ulardan kulmaydi, nafratlanmaydi. Qachonki bundaylarning birontasi nomus, poklik haqida va’z ayta boshlasa, gʻazablanadi.

Zelixonning nigohi sohildagi chiroqlarga qadalgan, xayoli esa Fargʻonada edi. U qanday xatoga yoʻl qoʻydi? Nadulya... Boʻri... bular kimlar, oʻylab oʻyiga yetolmaydi. Agar hukumat iziga tushgan boʻlsa, chatoq, uzoq vaqt qochib yurolmaydi. Xongirey nimani moʻljal qilgan? Yo chet elga chiqarib yuborarmikin? Chet elda nima qiladi? Bu yerda «akademik» toʻrtta boʻlsa u yoqda toʻrt milliontadir? U yoqda almisoqdan qolgan poʻlat sandiq, qulflar yoʻqdir? Bu hunarining sariq chaqalik qadri boʻlarmikin u yoqda? Yo goʻng tashib tirikchilik qiladimi?

Zelixon shu paytda yana ovuliga qaytgisi, yana oʻsha otxonaga borgisi keldi.

Valya ikki marta eshikni oʻgʻrincha ochib, balkondagi Zelixonga moʻralab qaradi. U qadrini oshirish uchun eshikni atayin ichkaridan qulflagan, Zelixonning bir-ikki chaqirishi qulfning ochilishi uchun kifoya edi. Valya balkondagi yolgʻiz erkakka qarab turib «Akademik»ning aqli joyida shekilli?» deb oʻyladi.

Ertasiga peshinga qadar ham uyda oʻtirishdi. Valya kimningdir qoʻngʻiroq qilishini kutdi. Qoʻngʻiroq boʻlgach, Zelixonga «ozodlik e’lon qilindi». Ular ikkovlashib, sevishgan er-xotin singari sayrga chiqdilar.

Sayrning toʻrtinchi kuni sohildagi restoranga bordilar. Nimqorongʻi restoran gavjum edi. Koʻz nimqorongʻilikka koʻnika boshlagach, Zelixon odat boʻyicha atrofga razm sola boshladi. Cholgʻuvchining chap tomonida oʻtirgan yigit uning diqqatini tortdi. Jingalak sochli yigitning yonboshdan koʻrinishi unga kimnidir eslatdi. «Boʻlishi mumkin emas», deb oʻylab nigohini undan oldi. Ammo nigohi oʻziga boʻysunmay oʻsha jingalak sochga qadalaverdi. Bu orada kuy yangrab, bilgan ham, bilmagan ham oʻrnidan turib raqsga tusha boshladi. Jingalak sochli yigitni nazardan qochirmaslik uchun Zelixon Valyani raqsga tortdi.

Zelixon unga yaqinlashdi. Koʻzlariga ishonmadi — Jamshid! Oʻlgan odamni, yana murdasi yoqib yuborilgan odamning ovqat yeb oʻtirishini koʻrib, esi ogʻib qoldi, deb boʻlmas. Ha, boshqa bir odam hayratdan dong qotishi mumkin, badaniga yengil titroq yugurishi ham mumkindir. Lekin Zelixonda bunday holat yuz bermaydi, yuz berishi mumkin ham emas. Chunki u hayoti davomida bunaqa hodisalarni koʻp uchratgan. «Oʻz qoʻlim bilan oʻldirdim», degani «Boʻri» tirik yurganidan keyin, bu Jamshid nima ekan? Oʻzi-chi? Hozir ovuldagilar uni achinish bilan eslashayotgandir. Kimningdir boʻlaklangan gavdasini toʻplab, qabristonga eltishgandir. Ota-onasini, bobosini eslashgandir? «Ota-onasi, bobosining qabri boshqa yurtlarda qoldi, Xudoga shukr, oʻzi ota yurt tuprogʻiga qoʻyildi», deb oʻzlarini ovutishgandir... Hozir shu restoranga Alibek oqsoqol yoki otboqar kirib qolsami...

Zelixon raqsdan toʻxtab, Valyani chetga tortdi.
— Valyusha, — dedi u, — sen uyga boraver. Men bir tanishimni koʻrishim kerak.

Valya unga sinovchan tikildi-da:
— Birga keldikmi, birga ketamiz, — dedi qat’iy ohangda.
— Qoʻrqma, qochib ketmayman, — dedi Zelixon hazilomuz tarzda.
— Qochib qaerga ham borarding, — dedi Valya qoshlarini chimirib. — Tanishingni birga koʻramiz.

Zelixon joyiga borib oʻtirdi. U Valyaga soʻzsiz boʻysunishi lozimligini bilardi. Valyaning atrofida albatta Xongireyning yigitlaridan borligi ham unga ma’lum. Hozir Valyaning «tanishingni birga koʻramiz», deyishi uning oʻjarligi emas, balki Xongirey koʻrsatmalariga qat’iy amal qilishi edi. Xongirey «bir nafas ham yolgʻiz qoldirma», deganmi, demak, yolgʻiz qoʻymaydi. Suyukli xotinday boʻyniga osilib yuraveradi.
— Valya, cholgʻuvchilar tomonga qara, jingalak sochli odam oʻtiribdi.

Valya Zelixon koʻrsatgan tomonga diqqat bilan tikildi.
— Osiyolikmi? Kavkazlikka oʻxshamaydi.
— Ha, osiyolik. Oʻsha odam menga kerak. Nima uchun kerakligini senga uyga borgach aytaman. Ungacha sen uni... aylantirib ber. U bilan bu yerda gaplasha olmayman. Sen u bilan tanishib Suxumiga taklif qilsang yaxshi boʻlardi.
— Nima uchun Suxumiga?
— Afon gʻoriga olib kirish kerak uni.
— Keyin-chi?
— Keyin... har ehtimolga qarshi ikkita yigit ham kerak. Agar bu reja ma’qul kelmasa uyingga taklif qil.
— Mumkin emas.
— Unda Suxumi... Qoʻlingdan kelarmikin? — dedi Zelixon qitmirlik bilan.

Bu gap Valyaga malol keldi. Stol ustidagi qutidan bitta sigaret olib, nozik barmoqlariga qistirdi-da, nozli yurish bilan Jamshid tomon yurdi.

Zelixon undan koʻz olmay har bir harakatini kuzatdi. Valya Jamshidga yaqinlashib nimadir dedi. Soʻng sigaretni labiga qistirib engashdi. Jamshid gugurt yoqdi. Valya jilmaydi. Nimadir dedi. Boʻsh stulga oʻtirdi. Jamshid unga ichimlik quyib uzatdi. Valya oyoqlarini chalishtirib oʻtirdi. Keyin Jamshidning sochini silab qoʻydi. Jamshid u bilan gaplasha turib atrofga alanglab oldi.

Cholgʻuvchilarning tanaffusi tugab, kuy yangradi. Bir yigit kelib, Valyani raqsga taklif qildi. Raqs tusha turib yigit Valyaning qulogʻiga nimadir dedi. Valya sergak tortib, Zelixon tomonga qaradi. Koʻzlar bir soniyagina uchrashdi. Valya shu soniyadan foydalanib koʻcha tomonni ishora qildi. Zelixon bu ishoraning ma’nisini tushunib, ofitsiant bilan hisob-kitobni pishitdi-da, tashqariga chiqib, chiroqdan panaroq yerda hamrohini kuta boshladi.

Valya uzoq kuttirmadi. Restorandan chiqib, xuddi yolgʻiz ayolday, xuddi birov kutmayotganday hech qayoqqa alanglamasdan katta koʻcha tomon yurib ketdi. Zelixon orqasidan birov chiqib qolarmikin, deb poyladi. Valya uzoqlashgach, uning izidan ketdi.
— Senga nima uchun kerak boʻlib qoldi u odam? — deb soʻradi Valya, orqasidan yetib kelgan Zelixonni qoʻltigʻiga kirib.
— Oti nima ekan? — dedi Zelixon uning savolidan boʻyin tovlab.
— Jora.
— Balki Jamshiddir?
— Balki Jamshiddir. Xoʻsh, nima uchun kerak?
— Seni raqsga taklif qilgan yigit kim? Xongireyning odamimi? U nima deb pichirladi?
— Xongireyning odami emas. Shu yerlik itbaliqlardan. Seni qiziqtirayotgan Jora ularning mehmoni ekan. «Unga tegmalaring», dedi. Xoʻsh, u nimaga kerak?

Valya oʻjarlik bilan surishtirmasa ham Zelixon aytardi. Chunki aytganlari Xongireyning bu yerdagi noibiga yetib borishi kerak. Jamshid bilan uchrashuv ularning yordamisiz boʻlmaydi. Shu sabablarga koʻra ham Zelixon Jamshidning tarixini qisqa qilib aytdi.
— Ularning ishlariga aralashib nima qilasan? Oʻzingni oʻylasang-chi! Sening ishing unikidan battarroq-ku?
— Men undan faqat bir-ikki gapni soʻrab olaman. U yoqda doʻstimning ahvoli chatoq boʻlib qolishi mumkin. Chechen hech qachon doʻstini yarim yoʻlda qoldirib ketmagan. Ishonmasang, Xongireydan soʻra.

XV bob

1

Tunning dardlari arimasdan tong ota boshladi.

Oy botdi.

Oʻtli hasratlarning figʻonlari mangulikning sukutiga gʻarq boʻlib botsa edi.

Tong yorishib borardi. Ammo dil qorongʻuligicha qolaverardi. Har kun ahvol shu: dil qorongʻi, dil ogʻriydi, ba’zan koʻzyoshlari yomgʻir kabi quyiladi. Koʻzlarni yosh kuydiradi.

Yuragi qiyma-qiyma, chilparchin, alamdiyda Zaynab tongni shu zaylda kutib olib, kunni shu holatda uzatadi. Kech kirganda uning yolgʻizligi boshlanadi. Orom koʻzlariga kela qolmaydi, tunning tushlari kipriklarini yuma qolmaydi.

Kasalxonaning alohida xonasida, alohida e’tibor ogʻushida yotgan Zaynab yolgʻiz qolgan kezlari boshini qaysi toshga urib yorishni bilmay qiynaladi. Yolgʻiz qolgan damlarida uning uchun na quyosh, na nur, na hayot qoʻshigʻi bor. U daryodagi egasiz, yolgʻiz qayiqday mayoqsiz suzadi. Oʻzicha vaqtni orqaga surib, hammasini boshqatdan boshlagisi keladi. Agar yuzidagi uyat pardasini sidirib tashlab, Jamshidda koʻngli borligini onasi orqali otasiga bildirsa, suygani bilan qovusharmidi? Axir ming-minglab odam aro ikkisi gʻoyibona ip bilan qattiq ulangani yolgʻonmi edi? Nahot otasi Jamshidni kuyov qilishni istamas edi? Bir necha ogʻiz soʻz bilan taqdiri butunlay oʻzgarishi mumkin edi. Ana shunda otarchining qiyshiq panjalari badanini silamas edi. Har tun motam choyshabi yopilgan oʻrinda toʻlgʻonmas ham edi. Endi hech narsa yoʻq. Sevinchi kabi yongan u chiroq oʻchgan. Endi uning hayoti puch xayollar zindoniga berkilgan... Endi jonga halovatli xabar eshitmaydi...

Zaynab oʻqigan, biladi: qadimda ovrupolik qiz-juvonlar bu dunyo hayotidan toʻyganlarida rohibalik ridosini egnilariga ilganlar. Bu dunyo huzur-halovatlaridan voz kechganlar. Zaynabga endi bu dunyoda qanday huzur-halovat qoldi? Kundoshi zaharidan koʻz yumgan Kumushbibi undan ming chandon baxtli emasmi ekan? Dunyodan ketsa ham bir necha muddat suygani bilan qovushdi-ku? Murodiga yetdi-ku? Uning Otabegini oʻldirmadilar, yoqmadilar-ku! Uning pokiza badaniga Homidning nopok barmoqlari tegmadi-ku?..

Zaynab shu xildagi xayollarga choʻri boʻlib oʻtirganida ba’zan onasi kelardi. Onasi bilan nimani gaplashsin? Onasining qoʻlidan nima keladi — yigʻlashmi? Onasi har kelganida «odamning taftini odam oladi, xonangda yotavermay, chiqib, tengqurlaringga qoʻshilib tur», deb tayinlaydi. Onasining aytganini qilib, ularga hamsuhbat boʻlgan taqdirda qanday naf oladi? Kimning eri qanaqaligini biladimi, yo bozorda chillaki uzumning narxi qancha ekanidan xabar topadimi, yo mashhur qoʻshiqchi ayolning qancha oʻynashi borligi haqida bahslashadimi?

Oʻtgan kuni shunday boʻldi. Onasini kuzatib qaytayotganida suhbatlashib oʻtirgan juvonlarni bosib oʻtib keta olmadi. Qorinlarini qappaytirib, yumshoq oʻrindiqlarda yalpayib, xunuk bir alpozda oʻtirgan juvonlardan biri «keling, ovsin», deb uni davraga chorladi. Suhbat mavzui oʻsha qoʻshiqchiyu uning oʻynashlari edi. Zaynab bu gaplarga toqat qilolmay oʻrnidan turdi.
— Ha, ovsin, gapimiz yoqmadimi? — dedi davraga taklif qilgan juvon.
— Ha, yoqmadi, — dedi Zaynab.
— Voy savil, biz eshitganlarimizni aytamiz-da.
— Oʻsha qoʻshiqchi xonimning qoʻshmachisi sizlar bilgan narsalarning yarmini ham bilmasa kerak.

Juvon Zaynabning erini eslatib, chimchilab, uzib oladigan bir gap aytmoqchi boʻldi-yu, kim bilan aytishayotganini unutmay «voy savil», deb labini choʻchchaytirish bilan kifoyalandi...

Onasi «odam taftini odam olar» deb shularni nazarda tutgan. Agar Zaynabning yuragi kengroq boʻlganida bunday bachkanaliklarga e’tibor bermagan boʻlardi. Kengga keng dunyo, torga tor dunyo deganlariday, hozir uning koʻngliga hatto qil ham sigʻmaydi.

Zaynab bu yerga kelmasidan avval, shodon kezlari ham toʻplanib olib, gʻiybat balchigʻini titib oʻtiruvchi xotinlarni yoqtirmas edi. Ba’zan oʻqishdagi dugonalari ham shunday suhbatni boshlab qolishsa «oʻllaring, qari kampirlarga oʻxshamay», deb nari ketardi. Xotinlar davrasining bu darajada bema’ni boʻlishini shu yerda aniqroq bildi.

Bu kasalxonada unga dalda bera oluvchi, koʻngilga orom hadya etishga qodir birgina juvon — Mardona. Hamshira boʻlib ishlovchi bu juvonning suyaklari yoʻgʻon, yurishlari qoʻpolroq boʻlsa ham, chiroyli koʻzlari hamisha kulib turardi. Bir kuni shu Mardona emlashga kirib, hasrat dasturxonini yoydi. Sevgan yigiti aldab tashlab ketgani, undan boʻlgan bolaning oʻlik tugʻilgani, soʻng erga tekkani, sakkiz yildan beri farzand koʻrmayotganini aytib, yigʻladi. Dardiga hamohang gaplarni eshitib, Zaynabning unga rahmi keldi. Shu-shu Mardona tez-tez kirib turadigan odat chiqardi. Kechki emlashni Mardona bajarganida Zaynab tiniqib, hatto rohatlanib uxlaydigan boʻldi. Buni u Mardonaning suhbatlari asablarimni tinchlantiryapti», deb oʻyladi. Onasiga ham shuni aytdi. Otasining kasalxonadan chiqarish haqidagi amrini eshitganida «unda uyga Mardona borib tursin, xoʻjayinlariga ayting», dedi.

Mardona kim oʻzi, aytgan gaplari chinmi yo aldovmi, na Zaynab, na Manzura oʻylab koʻrdi.

Qizlik paytida Shomilning qoʻliga tushganicha uning xizmatlarini beminnat bajarib kelishini ular qaydan bilsinlar?

Asadbek ham shu masalada goʻllik qildi. Xotinining gapiga osonlik bilan koʻna qoldi. Oradan oylar oʻtib bu goʻlligi uchun oʻzidan oʻzi nafratlandi.

2

— Hofiz! Uydamisiz?

Elchin tanish ovozni eshitib, oʻrnidan irgʻib turdi. Darvoza ostonasida ovoz bergan Chuvrindi javobni kutmay, oʻz uyiga kirayotganday bemalol qadam bosib kelardi.

Elchin shoshilganicha yengi kalta koʻylagini kiyib, unga peshvoz chiqdi.
— Uyquni pulga sotib olgansiz shekilli, a? — dedi Chuvrindi u bilan koʻrisha turib.

Elchin bu hazilga kulimsirab qoʻyib, uni ichkariga taklif qildi. Chuvrindi ichkariga kirishga unamadi.
— Oshiq Majnuningizning ishlari nima boʻldi, Laylisi bilan qovushdimi? — deb soʻradi u.
— Halimjonmi? — Elchin gap kim haqida ketayotganini fahmlasa ham, soʻrab olib, soʻng javob berdi: — Laylisiga yetishibdi. Qizning otasi kelib fotiha beribdi. Shunga oʻzi ham hayron. Kelib rahmat aytuvdi, sizga bu omonatni yetkazishni unutibman. Ayb menda.
— Majnuningiz hayron boʻlmasin. Laylisiga yetishgan boʻlsa yaxshi-da. Endi uni menga roʻpara qiling. Gaplaringizga qaraganda durust yigitga oʻxshaydi. Balki xizmatga olarmiz. Yaxshi odamlar qanotimizda boʻlishi kerak.
— Qachon uchrashtiray?
— Qancha tez boʻlsa, shuncha yaxshi. Itning oldidagi suyakni olsangiz irillaydi, a? Siz Hosilning ogʻzidagi laqqa goʻshtni tortib oldingiz. Majnun bola shuni unutmasin. Tinch yashayman, desa biz bilan birga boʻlgani ma’qul. Nima deysiz?

Elchin yelka qisdi:
— Kim biladi, balki ma’quldir.
— Ma’qul! — dedi Chuvrindi keskin tarzda. Soʻng choʻntagidan mashina kaliti bilan hujjatini chiqarib, Elchinga uzatdi: — Bizdan sovgʻa.

Elchin darrov tushundi. «Bu nima, nima keragi bor edi...» deb oʻtirmadi. Kalitga bir oz tikilib qoldi. «Bizdan sovgʻa? Nima uchun «bizdan», nima uchun «Asadbekdan» emas? Bu nima, «qizim bilan avvalgiday yashaysan», deganimi? Busiz ham ajralish haqida biron ishora qilmovdim-ku? Bu darajada mehribonlik?..»

Uning kalitga tikilib qolganini rad etishga chogʻlanish, deb tushungan Chuvrindi izoh berdi:
— Aslida sovgʻa emas, qarzimiz bor edi.
— Qanaqa qarz?
— Oʻshanda mashinangiz qarovsiz qolib, qarindoshlaringiz sotib yuborishgan edi. Chiqqaningizda oʻrnini toʻldiramiz, deb niyat qilgandik. Sizga maslahatim— ortiqcha gap-soʻzni koʻpaytirmang.
— Gap-soʻzga oʻrin yoʻq, — Elchin qoʻlini uzatdi.
— Qoyilman, oʻgʻil bola! — Chuvrindi kalitni uning kaftiga tashlab, kiftiga ohista urib qoʻydi-da, iziga qaytdi. Ostonaga yetganida toʻxtab, oʻgirildi: — Bir soatdan keyin kasalxonaga boring. Kennoyim kutib turadilar. Zaynabga bugun ruxsat berishdi.

Elchin bir kaftidagi kalitga, bir Chuvrindining orqasidan qarab joyida qotib turdi. «Savdo osonlik bilan pishdi. Bahoim yomon emas». Elchin koʻcha tomon yurdi. Koʻchaning narigi betida, daraxt soyasida kulrang «Volga»ni koʻrdi-da: «Bahoim zoʻr-ku!» Durust, arzon-garov ketmabman», deb qoʻydi.

Elchinning mashinani osonlik bilan qabul qilganini koʻrib Chuvrindi: «Kutgan ekan-da, mol-dunyoga roʻpara boʻlganida har qanday mard ham moʻm tishlab qoladi. Bek akam yetti qavat yer ostida ilon qimirlasa ham biladilar», deb oʻyladi.

Uning xulosasi xato edi. Elchin bunday sovgʻa kutmagan, hatto orzu ham qilmagan edi. Agar istasa, nari borsa yarim yilda oʻzi shunday mashina sotib olishi mumkin. Agar Zaynabda koʻngli yoʻqligini birovga aytganida ham bu «sovgʻa»ni (yoki «qarz»ni) oʻt qoʻyib yoqib yuborsa yoqib yuborardiki, zinhor-bazinhor qabul qilmasdi.

Dastlab Zaynabga majburiyat orqasidan uylandim, deb oʻylagan edi. Keyinroq bilsaki, Zaynab u oʻylagan sal narsaga suyuladigan yoki kibrlanadigan qizlardan emas. Unga nisbatan asta-sekin mehr, boshqacharoq aytilsa, Noilaga boʻlgan muhabbati martabasida boʻlmasa-da, shunga yaqin darajada iliqlik uygʻona bordi. Shu iliqlik, garchi gumon uygʻotgan boʻlsa-da, Zaynabning xiyonat haqidagi gapiga ishontirmadi, undan yuz oʻgirishga undamadi.

Gumon ba’zan Zaynabning xiyonatiga ishontirmoqchi boʻlardi, yurakni zabt etgan mehr esa bunga yoʻl qoʻymasdi. Elchin Zaynabdan yuz oʻgirgan taqdirda Asadbek tomonidan qanday «mukofot» tayin etilajagini ham fahm etardi. Lekin uning shu «mukofot» qoʻrquvida yashayapti, deyish haqiqatga mutlaq zid boʻlur edi.

Elchin faqat bir narsadan — Zaynab bilan yuzma-yuz qolishdan, xotinining oʻsha mash’um gapni yana qaytarishidan, ishontirishga harakat qilishidan choʻchirdi. Elchin yaxshi biladi — Zaynabning unda koʻngli yoʻq. Lekin koʻngilsizlik hamisha xiyonatga boshlayvermaydi. Koʻp hollarda koʻngilsizlik oʻti sabr suvi bilan oʻchirilib turiladi. Elchin Zaynabni shunday deb biladi. Agar Zaynab bir necha kechadan soʻng suya boshlaganida, mehri joʻsha boshlaganida uning tuygʻulariga ishonmagan boʻlardi...

Mana hozir mashinaga oʻtiradi. Kasalxonaga boradi. Qaynonasiga duch keladi, soʻng xotini chiqadi. Zaynab mashinani koʻrgani hamon «sizni sotib olishibdi-da», degan ma’noda nafrat bilan qarab qoʻyar... Soʻng uyga kelishar... Soʻng qaynonasi ketar...

3

Shunday boʻldi: mashinaga oʻtirdi. Bordi. Qaynonasi Zaynabni boshlab chiqdi. Zaynab ozib, yuzidan rang qochgan. Elchinning nazarida u xasta emas, balki yanada suluvlashganday tuyuldi.

Uyga qaytishgach, qaynonasi oshxonaga kirib ovqatga unnadi. Zaynab avval xobgohga kirib, kiyimini almashtirib chiqdi, soʻng hammomga kirdi.

Xuddi Elchin kabi Zaynab ham yolgʻiz qolishdan, eri bilan yuzma-yuz boʻlishdan choʻchiyotgan edi. Oshxonada esa Manzura noqulay ahvolda: bir koʻngli tezroq ketgisi keladi, harholda kuyovining koʻzi oldida ivirsib yurishi ma’qul emas. Bir koʻngli qizini tashlab ketgisi kelmaydi. Zaynabi eri bilan yolgʻiz qolganda nima deydi? Oʻsha gapini takrorlamaydimi? Elchin-chi? Nima deydi? Oʻsha gapni yuziga solmaydimi?

Manzuraning qoʻli ishda, xayoli esa ming turli tashvish koʻchalariga kirib chiqadi. Savollar sel oqimiday bostirib keladi. Qani edi, loaqal bittasiga javob topa olsa...

Sabzi-piyozni qovurib, suv solgunicha Zaynab yuvinib chiqib, oshxonaga, onasining yoniga kirdi.
— Guruchni oʻzing solarsan, men boray, adang kutib oʻtirgandirlar, — dedi Manzura qiziga oʻtinch bilan boqib.
— Ovqatlanib borsangiz-chi? Adamga telefon qilib qoʻyaylik.
— Adangning fe’llarini bilasan-ku?

Biladi. Uyda adasi intiq kutmayotganini, onasining bahonasi arzon-garov ekanini, ketgisi kelmagani holda shoshilayotganini ham biladi. Bilgani uchun ham noiloj yelka qisib qoʻya qoldi.

Qaynonasini qaytmoqchi ekanini bilib Elchin ortiqcha iltifot qilib oʻtirmay:
— Olib borib qoʻyaman, — dedi.

Qaynonasini yaxshi koʻrganidan yoki mehri joʻshib turganidan emas, Zaynab bilan yolgʻiz qolishga yuragi betlamayotganidan kuzatmoqchi edi. Mashinani koʻz-koʻz qilib minib borishga toqati yoʻq edi, ammo nachora, Asadbekning xotini avtobusda ketmaydi- ku?

Elchinning xavotiri oʻrinsiz edi. Koʻchaga chiqib «Volga»sining roʻparasida «Jiguli» koʻrdi. Manzura ular bilan xayrlashib, yoshlarni duo qila-qila oʻsha «Jiguli»ga chiqib oʻtirdi.

«Hali ham nodonman. Kimlar bilan gaplashayotganimni unutib qoʻyaman», deb oʻyladi Elchin.

Hovliga qaytib kirib, ikkovlari koʻz urishtirib oldilaru aytarga gap topolmadilar. Zaynab nima qilarini bilmay oshxona tomon bir-ikki qadam qoʻyib, toʻxtadi-yu, orqasiga oʻgirilib soʻradi:
— Guruchni solaveraymi?

Elchin beixtiyor soatiga qaradi:
— Hali erta-ku?
— Birovni kutyapsizmi?
— Yoʻgʻ-a...

Aldadi. Kutyapti. Kasalxona yoʻlida ammasinikiga kirib «tez boring», deb tayinlagan edi. Amma «shunday bozorga kiramanu chiqaman», devdi. Uning «kiramanu chiqaman» degani kamida ikki soat vaqtni olar. Shuning uchun ham Elchin soatiga qarab olgan edi.

Yaxshiki, qoʻni-qoʻshnilar bor. Yaxshiki, xotinlarning «razvedkasi» zoʻr ishlaydi. Zaynabning qaytganidan xabar topgan ayollar yoʻqlab chiqishdi. Soʻng «bozorga birrovgina oʻtgan» ammasi «shoshilib» yetib keldi. Elchin bu tashriflardan foydalanib, Anvarnikiga borib, Risolat kampirni xabardor qildi. Oqshomda Anvar Xonzodasi bilan keldi. Shu zaylda shom qorongʻusiga qadar ular yolgʻiz qolishmadi.

Yoʻqlovchilar ketgach, ularning uylarini vahimali sukunat zabt etdi. Televizorda kino boshlandi. Kinodagi gaplar, shovqinlar quloqlariga kirmaydi, sukunat bu ovozlarni ham bosib ketgan...

Elchin bu ahvol uzoq davom etishi mumkin emasligini biladi. Umuman... er suluv xotin bilan yolgʻiz qolganida ma’ruza aytishi shartmi?.. U Zaynabning yoniga oʻtirib, qoʻltigʻi ostiga qoʻl yubordi. Oʻz xayollariga bandi boʻlib oʻtirgan Zaynab choʻchib tushdi. Eriga qaradi. Bu qarashda «oʻsha gapdan keyin ham meni quchaverasizmi?» degan ma’no zohir edi. Elchin bu qarashning ma’nosini uqmaganday lablari bilan uning lablarini izlab topdi.

Tun bir oz tahlikali, bir oz gumonli, bir oz esa... shirin oʻtdi.

Qoʻrquv bilan kutilgan soʻzlar aytilmadi...

Butunlay aytilmaydimi yo vulqon kabi kuch yigʻib bir kunmas-bir kun otilib, hammayoqni vayron qilib tashlaydimi? Buni yolgʻiz Ollohning oʻzi biladi...

XVI bob

1

Shahar markazidagi uch qavatli uyning yertoʻlasi keyingi paytda gavjum boʻlmay qoldi. Yangi rahbardan qoʻrqibmi, «Volga»larda keluvchi aziz mehmonlar ham qadamlarini tortishdi. Asadbek bu holning vaqtincha ekanini bilardi. Katta yangi ish boshlaganda maydaroqlarining paytavasiga qurt tushadi. Odobli, ishchan, halol odamlarga aylanadilar. Kattaning e’tiboriga tushib yoki qoʻltigʻiga kirib olgach, yana eski hunarlarini boshlaydilar.

Asadbek ishonchli nozik odamdan yangi rahbar-ning avvalgilariga oʻxshamasligini eshitib, tungi mehmonlarning ishi pachava ekan-da, deb qoʻydi. Ayni choqda, oʻzining ishlarini ham mulohaza qila boshladi. Yertoʻladagi xonasiga barvaqt kelganining boisi ham shunday.

Asadbek uydan chiqqani hamon xabardor etilgan Kesakpolvon u bilan ketma-ket yetib keldi. Chuvrindi ulardan ilgariroq kelishni odat qilgan, ular esa bunga koʻnikib qolishgan edi. Shuning uchun ham Kesakpolvon xonaga kirishi bilan:
— Mahmud koʻrinmaydimi? — deb soʻradi.
— Mahmud Hofiznikiga borishi kerak. Undan onasini koʻrgani oʻtmoqchi edi. Onasi ogʻir emish, — dedi Asadbek.
— Ogʻir boʻlsa — oʻladi, qaytaga yaxshi, qutuladi, — dedi Kesakpolvon yumshoq oʻrindiqqa yastanib oʻtirib.— Men boʻlganimda bunaqa onani zahar berib boʻlsa ham allaqachon oʻldirib yuborardim. Mahmuding gʻirt ahmoq, oʻsha shiltani «onam» deb yuribdi. Oʻlmasa yana yuradi. Oʻlgani yaxshi-da.
— Birovga oʻlim tilama. U Mahmudning onasi. Nima qilishni Mahmudning oʻzi yaxshi biladi, u sening aqlingga muhtoj bola emas, — dedi Asadbek qat’iy tarzda. Kesakpolvon bu mavzuda gapirishni bas qilishi lozimligini uqdi.

Asadbek «nozik» odamdan eshitganlarini, oʻzining xulosalarini Kesakpolvonga bayon qilgach, buyurdi:
— Orqa-oldingni oʻnglab ollaring. Ayniqsa sen qadamingni oʻylab bos. Hozir mayda-chuyda ishlarga aralashmalaring.
— Mayda-chuyda deganing nimasi, sen nima desang shuni qilyapmiz-ku?
— Oʻtgan kuni kimning mashinasini toptirib berding?
— Ha, umi? Yaxshi tanishlar oʻrtaga tushishdi. Men toptirib berdim, shumo qilganim yoʻq-ku?
— Toptirib berganing — oʻgʻirlaganing boʻladi. Oʻzi oʻgʻirlab, soqqasini olib, qaytarib berdi, deyishadi. Mashinalarini kim tinchitgan boʻlsa, oʻshanga borishsin. Biz ularni tanimaymiz. Salom-aligimiz yoʻq ular bilan. Yigitlaringga ayt, doʻkonma-doʻkon izgʻib yurishni toʻxtatib turishsin. Doʻkondorlaring ataganlarini oʻzlari olib kelib berishsin. Bergisi kelmaganlarga hozircha indamalaring. Buning oʻrniga tsexlarning ishini kuchaytir, savdo-sotiqqa zoʻr ber, taksichilaringni tindirma.
— Tushundim. Vinzavod-chi?
— Vinzavod haqida gap yoʻq. U bizniki, unga qaraydigan koʻz oʻyiladi.
— Shunaqa deysanu, lekin Hosilning gʻimirlashiga e’tibor bermayapsan. Gʻilayi turmaga boribdi. Qilich bilan uchrashibdi. Qilichni sen chiqarasan. Xizmatni esa unga qilsa-chi?
— Hoʻkizning oʻlgisi kelib, boltadan toymasa, mayli, kimga xizmat qilsa qilaversin. Hosil vinzavodni tushida ham koʻrmaydi. Agar Qilichdan umidvor boʻlsa, boʻlaversin. Qilich nima? Pashshaning yulingan qanoti. Puf desak, uchadi ketadi. Yaxshi tanbeh berding, Qilich chiqqach, u seniki. Har qadamini poylaysan. Sal toydimi, nima qilishni oʻzing bilasan. Faqat shoshilma, arqonni uzunroq tashla. Sharifning ahvoli qanday, qanjigʻingni yoʻqotdingmi?

Kesakpolvonga soʻnggi gap yoqmadi. Qoshlarini chimirdi. Asadbek buni sezib, yana soʻradi:
— Ha, nimaga chimirilib qolding? Sendan gap soʻradim?
— Senga yoqmagan oʻsha qanjiq haqiqatparvar oʻsha olimchangni gah desang qoʻlingga qoʻnadigan qilib berdi. Olimchangdan xavotir olma, davolanyapti.
— Sirkang suv koʻtarmayaptimi? Bir nima desam darrov jirillaysan-a.
— Oʻzing ham ba’zan oshirvorasan. Ayniqsa Mahmudning oldida yer qilib tashlaysan. Sen shunaqa qilganing uchun u ham koʻzlarini loʻq qilib menga aql oʻrgatadi. Hech boʻlmasa boshqalarning oldida oʻylabroq gapirgin.
— Agar Mahmud aql oʻrgatsa xafa boʻlma. U oʻz jigaringdan a’lo bola. Aqli ham joyida. Sen zamonga qaramaysan. Senga qolsa hali ham kesak oʻgʻirlab yuraversang...

Asadbek gapni hazilga burmoqchi edi, Kesakpolvon battar tutoqdi.

Dumini gajak qilgan chayon kabi endi zahrini solishga shaylanganida eshik ochilib, Chuvrindi kirib keldi. Uning mung shabadasi yalab oʻtgan chehrasini koʻriboq, ikkovi ham «onasi qazo qilibdi shekilli» deb oʻylashdi.

Chuvrindi akaxonlari bilan soʻrashgach, odatdagi oʻz oʻrniga oʻtirdi. Asadbek unga savol nazari bilan qaradi. Kesakpolvonning esa sabri chidamadi:
— Ha, onang oʻldimi? — deb soʻradi u.

Chuvrindi bosh irgʻab qoʻydi. Asadbek esa Kesakpolvonning qoʻpol muomalasidan gʻashi kelib, unga norozi qiyofada boqdi.

Lutf degan tushunchadan begona Kesakpolvon bu qarashning, Chuvrindining javob oʻrniga bosh irgʻab qoʻyishining ma’nolarini ham anglamadi.
— Oʻlgan boʻlsa, Xudo rahmat qilsin. Shu yerga koʻmdirasanmi?
— Qishloqqa olib ketishadi.

«Qishloqqa olib ketishadi», deyishi Asadbekni ajblantirdi.
— Oʻzing bormaysanmi? — deb soʻradi u.
— Borishni ham, bormaslikni ham bilmay turibman.
— Borma, — dedi Kesakpolvon. — Tugʻilganingdan beri onang bormi, yoʻqmi, bilmaysan. Koʻmgani bording nima-yu, bormading nima? Yana ham tirikligida qarading. Sening oʻrningda men boʻlganimda...
— Boʻldi, choʻzilma, — dedi Asadbek.
— Xoʻp, choʻzilmadim. Lekin bitta gapimni aytib olay: Mahmud, xafa boʻlmagin-u, ammo men sening oʻrningda boʻlganimda uning xor boʻlib yurishlarini, xor boʻlib oʻlishini, xor boʻlib koʻmilishini videoga olib, televizorda koʻrsatardim. «Bolasini tashlamoqchi boʻlganlar, koʻrib qoʻylaring, erta-indin senlar ham xorlanasanlar», derdim.
— Haydar aka, — dedi Chuvrindi bosiqlik bilan, — qoʻying, bu gaplarni. Har bir narsaning sababi bor. Harholda meni... boshqalarga oʻxshab... oʻynashdan orttirib tashlamaganlar.
— Men misol uchun aytdim, koʻnglingga olma.
— Misol uchun ham aytmang. Misolni boshqalardan keltiring.
— Boʻpti, men fas! — Kesakpolvon shunday deb qoʻlini koʻtarib, oyoqlarini chalishtirib oldi.
— Sen bugun yoʻlga chiq. Biz Haydar akang bilan ertaga fotihaga oʻtamiz, — dedi Asadbek.
— Ovora boʻlib nima qilasiz? — dedi Chuvrindi.
— Unaqa dema, uka, hurmating bor. Ma’rakani oʻtkazib kelganingdan keyin ikkalamiz Krasnoyarga joʻnaymiz.

Bu gap a’yonlar uchun yangilik edi. Ikkovi ajablanib Asadbekka qarashdi.
— Krasnoyarda nima qilasan? — deb soʻradi Kesakpolvon.
— Otam topildilar, — dedi Asadbek. Keyin Anvardan eshitganlarini qisqa tarzda aytdi. — Qabrlarini ziyorat qilib kelaman. Balki jasadlarini shu yerga koʻchirish kerakdir, a?

Asadbek shunday deb Chuvrindiga qaradi. U javobga taraddudlanib, yelka qisdi:
— Bunaqasini eshitmaganman. Mullalardan soʻrab koʻrish kerak.
— Sen qaytishingda Sobitxonga uchra. Holidan xabar olib, bahonada shuni ham soʻraysan. Boʻpti, boshqa gap yoʻq boʻlsa, sen boraver.
— Toʻxta, gap bor, — dedi Kesakpolvon. — Kavkazliklar xol qoʻyishibdi. Ishkal chiqadiganga oʻxshaydi. Bittasini chet elga oʻtkazib yuborishimiz kerakmish. Ungacha hech narsa aytmasmish. Tushunyapsanmi, boʻyniga olmasmish.
— Ishni pishiq qilganman, devding-ku?
— Ish pishiq edi. Shartga koʻnishgan edi. Hayronman, bu ahmoq gapni ularga kim oʻrgatgan ekan? Xafa boʻlmagin-u, Bek, shu ishda bir yanglishdik.
— Sen yanglishding. Men yoqib yuborlaring, demovdim. Mahmud, nima deysan?
— Nima deyin, hayronman?.. Prokuror uyimga keldi. Tayin bir gap aytmadi. Murdani kavlatib yana tekshirtiribdi. Chaynalib-chaynalib qoʻyishidan bir baloni yashirayotganini fahmladim. Boshdayoq ishni unga topshirtirib xato qildik. Ishonchli odamlar bilan bitiraversak yaxshi edi. Tajribasizini yoʻlga solish qiyinroq boʻlarkan. Agar kavkazliklar rostdan ham chet elni da’vo qilishgan boʻlsa, boshqa ishkallik ham chiqadi. Ularni boshqa turmaga koʻchirtirishlari ham mumkin. Boshqa turmaga koʻchsa, biz va’dani bajara olmasak, ular chidolmay qolishadi. Tergovchi shunda ularning hiqildogʻidan oladi. Mana shunisi xavotirli.
— Xoʻsh, nima qilish kerak, deysan! — dedi Asadbek bir oz asabiylashib.
— Prokuror bola bilan pachakilashmaslik kerak, — dedi Kesakpolvon. — Kavkazliklar chet elni xohlab qolishgan boʻlsa, yana yaxshi. Joʻnattiramiz. Faqat chet eldan sal nariroqqa...
— Oʻylab koʻrish kerak, — dedi Chuvrindi.
— Nimani oʻylaysan? Ularni gumon bilan qoʻlga olishdimi? Guvoh tanidimi? Boʻldi-da.

Asadbek Chuvrindiga qaradi. Chuvrindiga bu toʻxtam ma’qul boʻlmasa-da, xayoliga durustroq boshqa fikr kelmadi.
— Sen hoziroq ishga kirish, — dedi Asadbek, Kesakpolvonga qarab. — Ammo ehtiyot boʻl, latta hidi kelmasin.
— Xotirjam boʻlaver, kesak oʻgʻirlaydigan zamonlarim oʻtib ketgan, — dedi Kesakpolvon.

U oʻrni kelganda Asadbekni choʻqib olganidan xursand edi. Ularning suhbatlaridan bexabar Chuvrindi bu soʻz oʻyiniga tushunmadi.

2

Chuvrindi mashina kalitini Elchinga topshirgach, onasidan xabar olgani oʻtgan edi. U darvoza ostonasida koʻrinishi bilan uy bekasi shoshilib peshvoz chiqdi-da:
— Voy, xayriyat-e, nima qilishni bilmay, hozir otin oyiga bola joʻnatdim. Oʻqimasa boʻlmaydi shekilli? — dedi.
— Tinchlikmi? — dedi Chuvrindi, ayvon tomon xavotir bilan qarab.

Uy bekasi boshini sarak-sarak qilib, labini tishladi.

Chuvrindi ayvonga yaqinlashdi. Onasining koʻzlari yumuq. Uning hali joni bor ekanini koʻkragining dam-badam sal koʻtarilib tushayotganidan bilish mumkin edi.
— Egachi, oʻgʻlingiz keldilar, — dedi uy bekasi.

Bu gapni eshitishi bilan onasining yuzlari uchdi. Keyin ikkala koʻzi baralla ochildi.
— Yaqinroq boring, salom bering, keyin... roziliklarini oling, — dedi uy bekasi.

Chuvrindi uning amriga soʻzsiz itoat etdi. Onasi sogʻlom odamning ovozi bilan alik oldi. Buni eshitgan uy bekasi ajablanib, «astagʻfirulloh» deb qoʻydi-da, nari ketdi.
— Xudoga shukr, kelding, — dedi onasi. — Bir gapni aytishim kerak. Shunda balki mendan rozi boʻlarsan, — onasi koʻzini bir yumib, ochdi. — Otangning qaerga koʻmilganlarini bilib ol: hovlimizdagi baliqtutdan ikki qadam narida. Temir soʻrining tagida.

Chuvrindi bu gap haqiqatmi yo oʻlim oldidagi alahsirashmi, bilmadi. Yana nima gaplari bor ekan, deb koʻzlariga tikilib turaverdi.
— Otang rashkchi edilar. Toqqa chiqib ketsalar ham tez-tez xabar olib turardilar. Men unda... pokiza edim. Otang tirikliklarida sira xiyonat qilmaganman. Bunaqa ish xayolimga ham kelmagan. Oʻshanda pichanga ketdilar. Qaynonam... buving bilan munosabatimiz yaxshi emasdi. Gʻalati odatlari bor edi... u kishi ham rashkchi edilar, — onasi shunday deb kulimsirashga harakat qildi, ammo bu kulimsirash ozgʻin yuziga ayanchli tus berdi. — Yolgʻiz oʻgʻillarini hatto mendan ham qizgʻanar edilar. Otangni kechalari ham chaqirib turardilar. Shunaqa asrardilar. Lekin... asragan koʻzga choʻp tushishini bilmagan ekanlar. Otang pichanga ketganlaridan keyin buving bilan aytishib qolib, uyimga ketdim. Sen hali qornimda eding. Uyga ketganimni kimdandir eshitib, bir kuni qorongʻi tushganida kelib qoldilar. Ortiqcha gap-soʻz boʻlmadi. Dadam, akam bilan oʻtirib ichishdi, ovqatlanishdi. Keyin oralaridan gap qochdi. Yoqa boʻgʻishib qolishdi. Dadam bir urgan edilar... yiqilib, boshlari toʻnkaga urildi. Shu bilan oppa-osongina jonlari chiqdi-ketdi. — Onasi shunday degach, koʻzlarini ohista yumdi.

Chuvrindi bu holni koʻrib qoʻrqib ketdi: oʻldimi?! Shunaqa osonlik bilan jon berdimi? Yoʻq, onasi hali tirik edi. Ogʻir nafas oldi. Koʻzlarini ochdi.
— U kishini tut tagiga koʻmdik. Odamlar bilib qolsa, dadam ham, akam ham ketar edilar. Otangning biznikiga kelganlarini odamlar koʻrmagan ekan, bizdan gumon qilishmadi. Men esam... uyga sigʻmay qoldim. Otangning ruhlari u uyda ham, bu uyda ham ta’qib qilaverdi. Tinchimni shaharda topmoqchi boʻldim. Toʻgʻri ishlab, toʻgʻri yurib, toʻgʻri yashamoqchi edim. Odamlar darrov meni suyuqqa chiqarishdi. Seni tugʻmasimdan oldin pokiza edim. Xudoga shukr, sen haromi emassan. Senga haromning tomchisi ham tegmagan. Buving bilan buvang tirnoqqa zor edilar. Shuning uchun ham seni ularga... qoldirdim. Oʻzimning ota-onamga ishonmadim. Dadam bexosdan urib oʻldirgan boʻlsalar ham yomon koʻrib qoluvdim. Oʻzimni oqlamayman. Mayli, sen ham oqlama. Gunohlarimni bilaman. Seni tugʻib qaynota-qaynonam bilan birga yashayversam ham boʻlardi. Seni oʻgʻrincha tugʻib, oʻgʻrincha tashlamasligim kerak edi...

Dadil aytilayotgan gaplar asta oʻchayotgan shamdek soʻna boshladi. Soʻnggi soʻzlar shamchiroq singari titradi. Koʻzlar yumildi. Yumilishi bilan bir tomchi yosh ojiz kipriklar orasidan sizib chiqdi. Shu dam darvoza ochilib, boshiga oq roʻmol tashlagan ayol koʻrindi. Uy bekasi shoshilib borib uni kutib oldi. Ayol erkak kishini koʻrgach, yuzini toʻsdi. Chuvrindi nari ketdi.

Ayol ayvonga chiqib bemorning yoniga oʻtirdi-da, avval pichirlab, soʻng ovoz chiqarib duo oʻqidi, soʻng «Yosin» surasini oʻqiy boshladi. Chuvrindining onasi koʻzlarini yumganicha harakatsiz yotaverdi. Ayol surani oʻqib boʻlib, dam solgach:
— Egachi, koʻzingizni oching, yaqinlaringizdan rozi boʻling, — dedi. — Oʻlim haq. Hayot Olloh tomonidan bizga berilgan omonat. Mullaka, yaqinroq keling, siz ham rozi boʻling.
— Roziman...

Birgina soʻz... Tildan uchishi shunchalar ogʻirmi? Yurakda tugʻilgan soʻzning boʻgʻizdan oʻtishi nechogʻli qiyin kechdi. Tildan uchishi esa yanada mushkulroq boʻldi.

Ajabki... ona-bola bu soʻzni bir vaqtda aytdilar...
— Endi, egachi, «la ilaha illoloh!» deng.

Onasi bu kalimani eshitib, koʻzlarini javdiratdi. Kimdandir najot kutdi, qiynaldi.
— La ilaha illolloh, deng. Yengillashasiz, — dedi ayol.

Onasi koʻzlarini javdiratib, toʻlgʻondi. Necha kundan beri harakatsiz yotgan vujudning qimirlashi ajablanarli hol edi.

Ayol gapini uchinchi marta takrorlagach, onasi koʻzlaridan yosh chiqdi. Titroq ovozda dedi:
— Ay-tolmayapman...

Ayol pichirlab duo oʻqib, yana dam soldi.
— Hech boʻlmasa «Olloh!» deng.

Onasi yana toʻlgʻondi. Koʻzlari ola-kula boʻldi.
— Ay-tol-mayman...

Shunday dedi-yu, koʻzlarini chirt yumib, boʻshashdi-qoldi. Ayol uning jagʻini ushladi:
— Boʻldi, — deb Chuvrindiga bir qarab oldi.

Uy bekasi yostiq tagidan oq roʻmol olib ayolga uzatdi. U marhumaning jagʻini bogʻladi. Keyin roʻmolcha bilan oyoqlarning bosh barmoqlarini bogʻlashdi...

3

Chuvrindi murdani qishloqqa joʻnatish xususida yigitlariga topshiriq berib, Asadbek huzuriga yoʻl olganida dafn marosimiga borish yo bormasligini oʻzi ham aniq bilmas edi. Koʻngli borishga undardi, yuragida uygʻongan boshqa bir ovoz esa «oʻlikning orqasidan nima deb borasan? Qoʻlingga hassa olib, tobutning oldiga tushib «Voy, onajonim!» deb faryod solasanmi? Hammaga kulgi boʻlasanmi, tashlandiq bola!» deb yoʻlini toʻsardi. Bu ovozni oʻchirishga oʻzida kuch topa olmadi. Bu ovozni Asadbekning amri boʻgʻdi.

Uch qavatli bino yertoʻlasidan chiqqach, onasining joni uzilgan uyga bordi. Yigitlari «Tez yordam» mashinasida kelib, murdani olib ketishgan ekan. Uy bekasi odamgarchilik qilib, ularga hamroh boʻlibdi.

Qishloqqa kechki salqinda yoʻlga chiqishni moʻl, uyiga ketdi. Barvaqt kelganidan xotini ajablandi. Chuvrindi unga boʻlgan voqeani qisqa tarzda aytdi. Xotini qaynonasi borligini, uning bir necha soat burun jon berganini bugun eshitdi.
— Nega avval aytmagan edingiz? — dedi xotini hayratlanib.
— Bu sen aralashadigan ish emas.

Xotini ortiqcha gap aytib yuborganini fahmlab, labini tishladi.

Chuvrindi esa xotiniga qoʻpol gapirishga gapirib qoʻyib, afsuslandi. Koʻpincha shunday boʻladi: nimadandir koʻngli gʻashlanganida uyga qaytgisi, oila davrasida oʻtirgisi, xotinidan, bolalaridan shirin gaplar eshitgisi keladi. Ba’zan ishni oʻzi buzadi: bugungiday qoʻpollik qiladi-yu, xotini-bolalarining yuragini oladi, bechoralar gapirishga ham qoʻrqib qolishadi. Ba’zan esa qandaydir arzimagan ish katta bir tashvish koʻrinishida unga arz qilinadi-yu, xufton koʻngli battar zulumot qa’riga choʻkadi.

Hozir uyiga kelishidan maqsad — bir oz dam olish bahona, aslida xotiniga dardini yorib malham boʻlguchi soʻz eshitish edi. «Bu sen aralashadigan ish emas», deganidan soʻng malham boʻlguchi soʻzdan umid qilmasa ham boʻlar.

Xotini unga bir qarab oldi-da, aybdor odamning ovozi bilan soʻzlashga oʻzida jur’at topdi:
— Adasi, men ham borayinmi?

Chuvrindi buni oʻylab koʻrmagan edi. Darvoqe, borsinmi? Borganida nima qiladi? Kelinlik vazifasini ado etib «voy, onam»lab dodlaydimi?
— Yoʻq, — dedi Chuvrindi, shularni oʻylab. Bir oz sukut qildi-da, soʻng qoʻshib qoʻydi: — Bormaysan. Sen boradigan joy emas.

Soʻnggi gapni aytishi bejiz emas. Onasi-ku, oʻldi-ketdi. Ammo bu xonadonda hali «bobo» deb atalishi lozim boʻlgan odam, «togʻa» deb ataluvchi kishi, yana oʻzi ham bilmaydigan bir toʻda qarindosh-urugʻlari bor. Ular koʻp, ularni koʻrishga esa unda koʻz yoʻq. Oʻzi ularni koʻrishga toqat qilolmaydimi, bas, xotinining koʻrishiga ham hojat yoʻq.

Chuvrindining ma’yusligini koʻrib, akaxonlari, ayniqsa Haydar akasi, endi esa xotini «onasining oʻlimidan qaygʻuryapti», deb oʻylashdi. Qaygʻurgani uchun Haydar akasining hatto gʻashi ham keldi. Toʻgʻri, oʻlim tufayli ham uzoriga qaygʻu koʻlanka soldi. Ammo koʻnglini kemirayotgan bu koʻlanka emas, balki onasidan eshitgan yangilik — otasining taqdiri edi. Aslida uni qishloqqa borishga undayotgan ham dafn marosimi emas, balki otasining necha yildan beri yashirin yotgan yerini koʻrish, ziyorat qilish edi.

Salqin xonaga kirib yotdi. Xotiniga «uxlab qolsam bir soatdan soʻng uygʻot», dedi. Shu ahvolda uyqu kelar ekanmi? Yarim soatcha u yoqdan-bu yoqqa agʻdarilib yotgach, oʻrnidan turib hovliga chiqdi. Yengil-elpi ovqatlangan boʻlib, yoʻlga tushdi.

Qishloqqa kirib borganida xufton namoziga azon chaqirilmoqda edi. Onasi yashagan uy oldida uch-toʻrt odam gaplashib turardi. Chuvrindi mashinasini ulardan oʻn-oʻn besh odim narida toʻxtatdi. Mashinadan tushishi bilan turganlardan biri uni tanib, shoshganicha ichkariga kirib ketdi. «Xabar qilgani shoshilyapti. Menga kim peshvoz chiqarkin. Bobommi, togʻammi?» shu fikr xayoliga kelib, ijirgʻandi. Chunki hozir ikkovini ham koʻrishga koʻzi yoʻq edi.

Chuvrindi turganlar bilan soʻrashgach, eshik ogʻzida bir oz toʻxtadi. Bu yerda turish noqulayligini bilib, yoʻlak sari ikki-uch qadam qoʻydi.

Hovliga chiroqlar yoqilgan. Ana, tut daraxti koʻrinib turibdi. Sal narida temir karavotning bir cheti koʻzga tashlanadi. Yoʻlakning oxirigacha borilsa karavot baralla koʻrinadi. Tut daraxti... temir karavot... odamlar oʻtirishgandir... uning ostida esa... otasi...

Hovlining chiroq nuri yetmayotgan tomonidan bir sharpa koʻrinib, u tomon yura boshladi. Yorugʻ tomonga oʻtgach, bel bogʻlagan baqaloq odamni tanidi: «Togʻam-ku?» U ichkari kirishni xohlamagan edi. Hozir bu uyga kelganidan, yoʻlakda turganidan afsuslandi. «Ertalab kelib ketsam ham boʻlardi», deb oʻyladi. Endi vaqt kech, orqaga qaytishning iloji yoʻq. Togʻasi:
—Voy jigarim, onangdan ayrilib qoldik, — deb quchoq ochdi.

Chuvrindi tisarildi. Uni urib yuborgisi keldi. Lekin oʻnlab koʻzlar tikilib turganini fahmlab oʻzini bosdi. Quchoq ochib kelayotgan togʻasiga qoʻlini uzatdi. Togʻasi yigʻlamsirab bir nima demoqchi edi, gapini shart uzdi:
— Temir karavot ustida odam oʻtirmasin!

Dagʻallik bilan aytilgan soʻz togʻani gangitdi. Soʻng Chuvrindining nima uchun bunday deganini tushunib qoʻrqib ketdi-da:
— Xoʻp, xoʻp, jiyan, — dedi.
— Jiyan ham dema, tilingni sugʻurib olaman.

Mahmudning kelganini eshitib ajablangan togʻa, endi bu gaplardan soʻng tamom dovdirab qoldi.
— Ertalab kelaman, — Chuvrindi shunday deb shart burildi-da, mashinasiga qarab yurdi.

Bu uydan uzoqlashgach, qayoqqa borishini oʻyladi. Bolaligi oʻtgan uyda hozir bobosining jiyanlari turishadi. Kirib borsa, harholda, boshlari osmonga yetmasa ham, izzatini joyiga qoʻyadilar. Lekin yarim tungacha oʻziga yoqmagan suhbat bilan band boʻlishi, keraksiz yuzlab savollarga javob berishi lozimligini oʻylab borgisi kelmadi. Bolalikda orttirgan doʻstlarinikiga borishga ham nechukdir oyogʻi tortmadi. Xayoliga Hovuz polvon kelib, mashinani oʻsha yoqqa burdi.

Hovuz polvonnikida tunashni oʻylamagan boʻlsa-da, birrov yoʻqlashni shahardayoq koʻngliga tukkan edi. Hozir unikiga borayotganidan oʻzicha quvondi. Avvalo oʻgʻlining taqdirini biladi, keyin polvonning suhbatini oladi, uzoq yillik gunohdan forigʻ boʻlish yoʻlida yana bir qadam qoʻyadi.

Eshik ogʻzida mashina toʻxtashi bilan ichkaridan olti-etti yoshlar chamasidagi ikki bola yugurib chiqdi.
— Polvon togʻaning nevarasimisanlar? — deb soʻradi Chuvrindi, ulardan tasdiq javobini olgach, buyurdi: — Yugur, bobongni chaqir.

Bolalar yarim yoʻlga yetmayoq Hovuz polvonning ovozi eshitildi:
— Kiravermaysanmi, xuddi begonaga oʻxshab turishingni qara.

Chuvrindi Hovuz polvonning peshvoz chiqishini kutib oʻtirmay, ichkariga qadam qoʻydi.
— Kelganing yaxshi boʻlibdi. Esli bolasan, kelishingni biluvdim. Xudo rahmat qilsin, kim boʻlsin, shu yogʻoch otga baribir minadi, — dedi Hovuz polvon uni bagʻriga bosib.

«Aqlli odam, — deb oʻyladi Chuvrindi, — «onangni berib qoʻyibsan», demadi, anavi ahmoqqa oʻxshab «jigarim»lamadi...»

Chuvrindi ayvon bahavo, shu yerda oʻtiraylik, degan edi, Hovuz polvon «sen ham kichkina odam emassan, izzatingni bil», deb ichkari uyga boshladi. Xontaxta atrofiga ikki qavat koʻrpacha toʻshalib, loʻlabolishlar tashlangan edi. «Kelishimni kutganmi yo uy doim shunday yasatigʻliq turarmikin?» deb oʻyladi Chuvrindi.

Kelin salom berib kirib, darrov dasturxon tuzadi. Bir piyola choy icharli vaqt oʻtgach, kosalarda ovqat kiritildi.
— Uyingizni mehmon bosadigan paytda kelibman shekilli, — dedi Chuvrindi quvlik bilan. Hovuz polvon Chuvrindining uyida aytgan gapini eslab, kulimsirab qoʻydi:
— Yoʻq, sen oshga tushgan pashsha emassan. Esingni taniganingdan beri uyimga endi kelishing. Men bobong bilan oshna edim. Bobomning ruhlari orom olsin, desang, doʻstlaridan xabar olib turishing kerak. Endi yosh bola emassan, bunaqa gaplarga ham aqling yetsin.
— Polvon togʻa, siz otamni bilarmidingiz?
— Yoʻq, men bu qishloqqa keyinroq kelganman. Lekin otangning yoʻqolganini eshitganman. Har xil mish-mishlar yurardi.
— Qanaqa mish-mish?
— Soʻraysan-a? Oʻzing eshitmaganmisan? Shaharda oʻynashi bor ekan, oʻsha kelib oʻldirib ketgan, degan gap-da.
— Haqiqatni hech kim bilmaydimi?
— Nega bilmaydi? Xudo biladi.
— Men ham... Oʻlimi oldida aytdi.
— Bilganing yaxshi. Lekin endi foydasi yoʻq. Orada nima sir bor, bilmayman. Lekin sirligicha qolavergani ma’qul. Esli bolasan.
— Ha... — Chuvrindi xoʻrsindi. — Menga ogʻir meros qoldirdi. Bu sirni goʻrimga olib ketaman.
— Ovqatingni ich, koʻzyoshing kosaga tushsa, shoʻrvaning shoʻri chiqib ketadi.

Koʻngli ezila boshlagan Chuvrindi bu tanbehdan soʻng bir oz yengil tortib, jilmayib qoʻydi.

Kelin kosalarni olib chiqqach, Hovuz polvon choy quyib uzatdi-da:
— Oʻgʻlim eson-omon chiqib keldi, rahmat, — dedi.
— Qani oʻzi? — deb soʻradi Chuvrindi.
— Toqqa chiqib ketdi. Oʻt oʻryapti.
— Men bilan birga ketsin.
— Yoʻq, koʻz oldimda boʻlsin. Sening ishingni bilaman, qaltis. Bugun oshigʻing olchi, ertaga qarabsanki... Ke, qoʻy, mehnat bilan boʻlaversin. Yordaming kerak boʻlib qolsa, yugurib boraveraman.
— Unda uylantirib qoʻying. Bevosh yurmaydi.
— Ha, moʻljal bor. Xashakdan tushsin-chi.
— Xizmatning kattasini menga yuklaysiz. Hofiz mendan. Garniturni bu tomonlarda kuyov tomon oladi, a?
— Be, — Hovuz polvon kulimsirab, qoʻl siltadi, — shu uyga garnitoʻrmi? Qoʻysang-chi! Bitta sandiq, toʻrtta koʻrpa-koʻrpacha bilan turmush-tirikchiligim oʻtdi. Garnitoʻri kerakmas. Xudo baxtini bersin. Garnitoʻriga tilla choynak-piyolalarni terib qoʻysa-yu, Xudo baxtini bermasa hammasi bir pul.
— Bu gapingiz ham toʻgʻri. Lekin... men shu oʻgʻlingizni ukamday koʻrib, toʻyiga bosh qoʻshsam, devdim.
— Toʻyga aytib boraman, xotirjam boʻl.

Yana bir oz gaplashib oʻtirishgach, osh kirdi. Oshni yeb, dasturxonga fotiha oʻqilishi bilan Hovuz polvonni kimdir chaqirib keldi. U tashqariga chiqdi-yu, dam oʻtmay qaytdi.
— Togʻang kelibdi, kir desam kirmaydi, oʻzingga aytadigan omonat gapi bor shekilli, chiqa qol.

Togʻasi hovliga kirishga ham botinmay, koʻchada turar edi. Chuvrindi uni zoʻr bir tashvish yetaklab kelganini sezdi. Ertalab singlisini dafn etadigan odam rasman jiyan deb ataluvchi mehmonni bekorga yoʻqlamaydi. Chuvrindi togʻasining tashvishini anglab tursa ham oʻzini bilmaganga oldi-da:
— Ha, tinchlikmi? — deb qoʻydi.
— Dadam yubordilar, nimaga olib kirmading deb, meni ancha koyidilar. Borsangiz yaxshi boʻlardi.
— Shuni aytgani keldingmi?

Togʻasini sensirashi Chuvrindining oʻziga ham xunuk tuyulsa-da, sizlashga tili bormadi. Togʻasi esa bu sensirashni boʻlajak xunuk bir voqeaning darakchisi sifatida qabul qildi. Keksayib qolgan odamning dovdirashi gʻalati boʻlarkan. Aytadigan gapini ham yoʻqotgan togʻasi shu topda ishtonini hoʻl qilib endi onasidan shapaloq kutayotgan bola holida edi. Chuvrindi «oʻl, bu kuningdan», deb oʻylab, uning bu holidan nafratlandi, ayni oʻrinda kulgisi ham keldi.
— Ertalab boraman.
— Janozani bomdoddan keyin hovlida oʻqiydigan boʻlishdi.
— Xoʻp, yana nima demoqchisan? Gaping boʻlsa, ayt, ichingda qolib, sasib ketmasin.

Togʻasi dardini aytishi uchun undan fatvo olgan boʻlsa ham bir oz jim turgach, keyin asta soʻz boshladi:
— Menga rahmingiz kelmasa ham, otamga jabr qilmang. Qariganda shu azoblar kammidi? Koʻz koʻrmasa, chap qoʻl-oyoq ishlamasa, Xudo hech bir bandani bunday qiynamasin. Chaqaloqday boʻlib qolganlar...
— Unga bu azoblar ham kam, — dedi Chuvrindi sovuqqonlik bilan.
— Ulgʻayganingizda oʻzimiz aytmoqchi edik. Singlim yoʻl bermadi. Oxiri oʻzi aytibdi... Biz gunohkormiz... Lekin... atayin boʻlmagan. Tasodif... toʻgʻri, jiyan deyishga haqqim yoʻq, lekin... qonimiz bir...
— Bekor aytibsan! Yigitning tomirida otaning qoni oqadi, togʻaning emas! Nimaga kelding, chaynalmasdan maqsadingni dangal ayt!
— Maqsad... maqsad... gunohimizni keching, oʻtgan ishga...
— Salavotmi? Oʻraga sichqon tushdi, guldir gupmi?— Chuvrindining qoni qaynadi. «Bular meni kim deb oʻylayapti? Hammayoqni agʻdar-toʻntar qiladi, milisa chaqiradi, qamatadi», deyaptimi, qanaqa ahmoq ekan bular? Shularni qamatishdan boshqa ishim yoʻqmi? Toʻxta, seni bir boplamaymi...» Chuvrindi bir shum qarorga kelib, qat’iy tarzda dedi: — Ertalab milisa kelib, karavotning tagini kavlaydi. Keyin nima boʻlishi oʻshanda bilinadi.
— Yoʻq, yoʻq... jon... uka... unday qilmang. Otamga rahmingiz kelsin... — Togʻasi endi rosmana yigʻlamsiradi. Tiz choʻkib yalinishga tayyor holga keldi.
— Menda rahm yoʻq, — dedi Chuvrindi. — Rahm nima qilsin. Shaharda daydib yurganimda rahm-shafqat degan hislar oʻlib boʻlgan. Odamga mehr ona suti bilan kiradi? Ha! Menda mehr nima qilsin? Men yovvoyi odamman. Faqat odam goʻshti yemayman. Lekin odamni qiynab, rohatlanaman. Sen otang bilan birga qamoqda oʻlib, oʻsha yerda chiriysan. Qaytaga bolalaringga yaxshi. Oʻliklaringni koʻmishga sarf-xarajat qilib oʻtirmaydi. Hukumatning oʻzi chiroyli qilib joylaydi. Oʻliklaringni qizib turgan oʻchoqqa tiqadi. Murdalaring xuddi tirik odamday uch-toʻrt marta sakraydi-yu, keyin birpasda kulga aylanadi. Senlarning turgan-bitganlaring ikki hovuchgina kul.

Chuvrindi aytgan bu gaplarni eshitishning oʻziyoq dahshat edi. Murdaning yonish oldidan sakrashini koʻz oldiga keltirgan har qanday odamning badanida yengil titroq turishi tayin. Chuvrindi togʻasi bilan bobosini shu dunyoning oʻzidayoq doʻzax otashiga hukm qilayotgan edi. U krematoriyni oʻzi koʻrmagan, koʻrganlardan eshitgan, eshitib bir seskanib tushgan edi. Hozir togʻasini ham shu holga solmoqchi edi. Togʻasi seskanish nima ekan, biratoʻla jon taslim qilay deb qoldi. Yalinish uchun emas, oyoqlarida darmon qolmagani uchun tiz choʻkdi.

Chuvrindi soʻkinib, yelkasidan ushladi-da, turgʻizdi.
— Avval ham palid ekansanlar, palidliklaringcha qaribsanlar. Aslida sen xunasalarning kindiklaringdan boʻgʻizlaringgacha tilib tashlashim kerak edi. Men milisa bilan ish bitiradigan hebbim emasman. Meni shunaqa past ketadi, deb oʻyladilaringmi? Men singlingning aytganlarini toʻgʻri yo notoʻgʻriligini bilgani keldim. Otangni Xudoning oʻzi urib qoʻyibdi-ku, men turtib nima baraka topdim. Borib ayt, tinchgina oʻlaversin. Oʻlganidan soʻng janoza oʻqishadi, olib borib koʻmishadi. Keyin bittasi turib «qanaqa odam edilar?» deb soʻraydi. Hamma «yaxshi edi, Xudo rahmat qilsin», deb tarqaydi. Sening ham koʻngling joyiga tushadi. Xoʻsh, men-chi? Janozasi oʻqilmagan, molday koʻmib tashlangan odamning oʻgʻli nima qilishim kerak? Joʻna, turqing qursin...

Togʻasi boshini egganicha, bitta-bitta ogʻir qadamlar bosib iziga qaytdi. Chuvrindi uning qorasi oʻchgunicha harakatsiz turib qoldi. Soʻng «Polvon togʻa!» deb chaqirdi. Hovuz polvon ayvonda, ularning gaplarini eshitib, hayrat tuzogʻiga bandi boʻlib oʻtirardi. Chuvrindining chaqiruvidan oʻziga kelib, yoshiga xos boʻlmagan chaqqonlik bilan oʻrnidan turdi-da, koʻcha tomon yurdi.
— Polvon togʻa, ketyapman.
— Ie, janozaga qolmaysanmi?
— Yoʻq... qololmayman. Jahl ustida yana bir narsa qilib qoʻymayin.
— Oʻzing bilasan... Esli bolasan, ammo qattiq gapirib yubording.
— Eng yumshoq gapirganim shu. — Chuvrindi shunday deb xayrlashish uchun qoʻl uzatdi.

XVII bob

1

Anvar qiya ochiq turgan eshik ortidan Chuvrindini koʻrib, yuragi «shigʻ» etib ketdi. «Nahotki toʻgʻri boʻlsa?» deb oʻyladi. Shu oʻy xayolidan oʻtishi bilan «Biz qachon seni aldagan edik?» degan ovozni zshitganday boʻlib, yurishdan toʻxtadi. Buni koʻrib Chuvrindi kulimsiradi:
— Ha, Anvarbek, biron nima esdan chiqdimi? — dedi quvnoq ohangda.

Chuvrindining jarangdor ovozidan Anvar oʻziga keldi. Qadamini tezlatib yurib bordi-da, koʻrishib, soʻng uni ichkariga taklif qildi.
— Ertaga Krasnoyarga joʻnaydigan boʻlib turibmiz. Birga borasizmi, deb keldim, — dedi Chuvrindi, ichkariga kirishga unamay.
— Krasnoyarga? Nima uchun? — Anvar ularning Krasnoyarskka nima uchun borishlarini bilsa ham atayin soʻradi. Chuvrindi «nahot bilmasangiz?» deganday qarab qoʻyib, soʻng javob berdi:
— Bek akamning otalarini ziyorat qilgani ketyapmiz.
— Kim?
— Bek akam, men, borsangiz — siz, yana Bek akamning bir jonajon ogʻaynilari. Ulfati chor — anda maza bor, deyishadi-ku? Chor ulfat boʻlib borib kelamiz.

Anvar tungi topshiriqni eslab, oʻylanib qoldi.
— Agar boradigan boʻlsangiz, ertalabki sakkizda toʻgʻri aeroportga chiqaverasiz. Mayda-chuyda olib yurmang. Yoʻq, yaxshisi soat yetti yarimda shu yerga mashina keladi.
— Bormasam kerak, uzrimni aytib qoʻying, — dedi Anvar xomush tarzda.
— Ertalabgacha bir gap boʻlar, — Chuvrindi shunday deb, mashinasi tomon yurdi.

Anvar uning mashinasi koʻzdan yoʻqolgunicha turgan joyida qotdi. Soʻng burilib, ichkari kirdi-da, yarim yoʻlda yana toʻxtadi. Derazasiga qaraganicha turib qoldi.

...Kecha tunda xuddi shu derazadan nur oqib kirgan edi. Yoʻq, avval shirin uyqudagi Anvarni kimdir turtib uygʻotganday boʻldi. «Xotinim uyqusirab turtdimi?» deb oʻyladi. Yoʻq. Xonzodasi oʻrin chetida, orqa oʻgirganicha beozorgina uxlab yotibdi. Anvar, uyqusi toʻla ochilmasidan, tanish ovoz eshitdi:
— Seni biz uygʻotdik...
— Nimaga? — dedi Anvar ajablanib. — Bezovta qilmaymiz, degan edinglar-ku?
— Ha, seni biz bezovta qilmaymiz. Oʻzing chaqirding. Tur oʻrningdan.

Anvar buyruqqa itoat etib, oʻrnidan turdi-da, qoʻshni xonaga chiqdi. Xona yorishgan, derazadan nur oqib kirgan edi.
— Men sizlarni chaqirmadim.
— Tiling bilan chaqirmading. Lekin dildan istading. Bizdan najot kutding. Bir necha marotaba chaqirishga chogʻlanding. Lekin jur’at etmading. Qoʻrqding.
— Boʻlmagan gap! Meni qoʻrqoqlikda ayblashga haqqingiz yoʻq!
— Botirmisan? Botirni ham, qoʻrqoqni ham bir ildiz qovushtirib turadi. Botir bir ishni qilishga jazm eta olgani uchun botir, qoʻrqoq esa oʻsha ishni qilmay qochgani uchun qoʻrqoq.
— Bu falsafangiz nooʻrin.
— Bahslashma, muddaoga koʻch.
— Men domla Inoyatulloni koʻrishim kerak.
— Mumkin emas, ijozat yoʻq.
— Haqiqatni aniqlashim zarur.
— Haqiqat shuki, Hikmat Oʻrolov aybsiz aybdor. U Inoyatulloga xiyonat qilmagan.
— Haqiqatni bilmoqchiman, menga isbot kerak.
— Haqiqatni senga Hikmat Oʻrolovning oʻzi aytadi. Unga ishon.
— Qachon?
— Tong otgach, seni Asadbekning odami yoʻqlab, safarga chorlaydi. Sen u yoqqa borma. Xizmat joyingda seni noxushlik kutadi. Sen oʻzingni yoʻqotma. Hech kim bilan aytishma. Toʻgʻri Hikmat Oʻrolovning uyiga bor. Gaplarini eshit. Soʻng, biz uni olib ketamiz...
— Yoʻq! — Anvarning ovozi xuddi jon taslim qilayotgan odamnikiday boʻgʻilib chiqdi. — Yoʻq! — deb takrorladi u. — U yashashi kerak!
— Uning ruhi oromga muhtoj.

Shu gapdan keyin Anvarning quloqlari shangʻilladi. Nur yoʻqoldi. Terga botgan Anvar deraza oldida yana uzoq turib qoldi...

Hozir Chuvrindini kuzatgach, tunda eshitganlari haqiqatga aylana boshlaganidan qoʻrqdi. Ha, qoʻrqdi. Lekin uni bu holatda qoʻrqoqlikda ayblab boʻlmas. U ayni damda ojiz edi. Boʻlajak voqealarga toʻgʻanoq boʻla olmasdi. Boʻlajak noxushliklarni iziga qaytarolmasdi. Mana shu ojizlik uning yuragiga qoʻrquv solardi.

Ana shu qoʻrquv bilan ishga otlandi. Shu qoʻrquv bilan xonasiga kirdi.

2

Hamxonalari birin-ketin keldilar. Xomush oʻtirgan Anvar ular bilan bosh irgʻab soʻrashdi. Yaxshi kayfiyatda kirib kelgan Gulnora unga bir qarab olib «nima balo yana ayniyapti shekilli?» deb oʻyladi-da, sumkasidan gazit chiqarib, oʻqiy boshladi. Uning bu harakati Anvarning ziyrak nazaridan chetda qolmadi. «Gazit oʻqiydigan boʻlib qolibdimi?» deb ajablandi. Dam oʻtmay xonaga «eng kichik ilmiy xodim» kirib, Anvar bilan qoʻshqoʻllab soʻrashdi-da, gazit oʻqiyotgan Gulnoraga gʻalati qarab qoʻydi.

Xonada oʻlik sukunat hukmron edi. Ayollarning oʻzaro pichirlashib olishlari yoki narx-navo yangiliklari ham nechukdir kun tartibidan oʻchirilgan. «Gʻalati kun, — deb oʻyladi Anvar. — Bu sukut nimaning alomati? Vulqon portlashi arafasidagi osoyishtalikmi bu? Bular bir nimani bilishadi, men esam bilmayman... «Eng kichik ilmiy xodim» ham nimadandir xabardorga oʻxshab oʻtiribdi. Men nima uchun bexabarman? Nima uchun merovsirab oʻtiribman?» Anvar bunaqa kutishga, bunday sukutga toqat qiladigan toifadan emas. U «eng kichik ilmiy xodimga» savol nazari bilan tikildi. U avvaliga bu qarashga dosh berolmay, nigohini olib qochdi. Keyin oʻrnidan turdi-da, Anvarga yaqinlashib, gazitni uzatdi. Anvar gazitni qoʻlga olganida Gulnora «Voy, tavba-e», dedi-da, oʻrnidan turib, xonadan chiqdi. «Eng kichik ilmiy xodim» esa joyiga qaytib, Anvarga aybdor odamning nigohi bilan qarab qoʻydi.

Anvar «meni kutayotgan noxushlik shu yerda shekilli?» degan oʻy bilan gazit sahifalariga koʻz yugurtirdi. Uning nigohi sarsari kezmadi. Bir qarashdayoq Xolidiyning nomini topdi. Katta harflar bilan terilgan «Janozasiz ketganlar» degan sarlavha ustida «professor Xolidiy» deb qoʻyilibdi. Anvar maqolani oʻqimayoq, gap nimada ekanini angladi.
— Hammasi ravshan! — deb gazitni gʻijimladi-da, «eng kichik ilmiy xodimga» qaradi: — Domla Inoyatullo va Hikmat Oʻrolov haqida, shundaymi?
— Shunday... Lekin... oxirigacha oʻqing.

Anvar gazitni qayta tekislab, maqolani nafas yutib oʻqiy boshladi. Xolidiy Stalin zamonasidagi qatli om natijasida ilm, xususan, tarix ilmi nechogʻli ta’qibga uchraganini yoza turib, koʻplar qatori oʻzining ham aziyat chekkanini qistirib oʻtib, soʻng gapni domla Inoyatullo taqdiriga burgan edi. Domla oʻziga yaqin olib yurgan, hatto «shogirdim» deb faxrlangan bir guruh olimlarning unga xiyonat qilgani ham aytilgan, oʻsha «bir guruh» orasidan faqat Hikmat Oʻrolovning nomigina zikr etilgan edi. Anvar «Xotin kishining makri qirq tuyaga yuk boʻladi, deydilar. Xolidiyning makri qirq emas, qirq ming eshelonga yuk boʻlar-ov», deb yurardi. Bu maqolani oʻqiy turib fikrini oʻzgartirdi: «Uning makri qirq million eshelonga yuk boʻla oladi!» Xolidiyning kim ekani, yuragi oqmi, qora ekanini bilmaydiganlar bu maqolani oʻqigach, uni aziyat chekkan, kuyunchak olim sifatida qabul qilishlari shubhasiz. Gazitni minglab odamlar oʻqiydi. Endi kimga borib «aslida Xolidiyning oʻzi ablah, Hikmat Oʻrolov halol odam», deb ishontirish mumkin?

Anvarni kutayotgan noxushlik maqolaning soʻngida edi:

«...Men hujjatxonada oʻtirib bu dalillarga duch kelgach, koʻzlarimga ishonmadim. Yaqin doʻstimning shunday siri borligiga ajablandim. Ana shunda boshqa bir hujjatlarni oʻrganib oʻtirgan iqtidorli olim Anvar Sattorovichga oʻqib bergan edim, u joʻshib ketdi. Ha, halol odam deb yurgani bunday munofiq boʻlib chiqsa chidash qiyin. Anvar Sattorovich chiday olmadi. Koʻzda yosh bilan hujjatxonani tark etdi...»

Anvar gazitni gʻijimladi, soʻng pora-pora qilib yirtdi. Keyin oʻrnidan turib, Gulnora oʻtirgan stolga yaqinlashdi-da, undagi gazitni ham poralab tashlagach, stolni zarb bilan tepdi. «Eng kichik ilmiy xodim» yugurib kelib, uni yelkasidan quchoqladi.
— Anvar aka, oʻzingizni bosing. Hech kim ishonmaydi bu gaplarga.
— Men bor edim oʻsha yerda, oʻqib bergan edi, maraz! Shularni yozish uchun atay borgan u haromi!

Shu payt Anvarning qulogʻi shangʻillab, koʻzlari tindi. Tanish ovoz eshitildi: «Hikmat Oʻrolovnikiga bor...»

Anvar «eng kichik ilmiy xodim»ning quchogʻidan bir yulqinib boʻshadi-da, tez-tez yurib, xonadan chiqdi. Ovozning hukmiga boʻysunmay Xolidiyning xonasiga bordi: eshik berk... Oʻlmas Akramning eshigi ham berk... Hatto kotibasi ham yoʻq. Anvar egasiz eshikni tepib, boʻralab soʻkdi-da, ovozning buyrugʻiga itoat etib, Hikmat Oʻrolovning uyiga qarab ketdi.

Hikmat Oʻrolov shahar markazida, olimlar uchun maxsus qurib berilgan ikki qavatli uyda yashardi. Eshik qiya ochiq boʻlsa ham Anvar qoʻngʻiroqni bosdi. Dam oʻtmay ostonada Hikmat Oʻrolovning xotini koʻrindi. Erini benihoya tarzda izzat qiluvchi, har qanday beta’sir shamoldan asrashga intiluvchi, sochlari tekis oqargan xushroʻy, xushmuomala bu ayol barchani shirinsoʻzligi bilan maftun etardi. Hozir ham Anvarni mehribonlik bilan qarshiladi.
— Kelganingiz yaxshi boʻldi. Domla sizni juda yaxshi koʻradilar. Koʻp gapiradilar. Ancha vaqt koʻrinmadingiz, xavotirlandilar.

Anvar nima deyishni bilmadi. «Tobim yoʻq edi», desa, jinnixonadan chiqqaniga ham yarim yil boʻldi. Birrov kelib ketishi mumkin edi...
— Ayb menda, e’tiborsizlik qildim, — dedi Anvar dangal.

Ayol bu gapni eshitib, shiringina jilmaydi-da, boshini sarak-sarak qilib, dedi:
— Unday demang, jon oʻgʻlim, yoshlarning ishlari, tashvishlari koʻp boʻladi. Eng muhimi, dilingizda tutgan boʻlsangiz bas.

Anvar ostona hatlab ichkari kirib, toʻxtadi.
— Nega toʻxtadingiz, kiravering.
— Domla... oʻqidilarmi?
— Ha... — ayol ma’yus jilmaydi. — Lekin siz qaygʻurmang. Bu hali fojia emas. Biz bundan battarlarini-da koʻrganmiz.
— Hammasi tuhmat...
— Qaygʻurmang, deyapman-ku. Domlajon mutlaqo e’tibor bermadilar. Odatdagidek kitobxonalarida ish bilan bandlar. Yuring, yuravering....

Anvar uy bekasining izidan ikkinchi qavatga koʻtarildi. Bu uydagi mehmon kutishga moʻljallangan eng katta xona kitoblarga ajratilgan. Toʻrt devor gir aylana, hatto eshik-derazalarning yonlari, tepalariga ham taxtachalar qoʻyilib, kitoblar terilgan. Koʻcha tomonga qaragan katta deraza yonida yozuv stoli. Ikki kishining suhbatlashib oʻtirishiga moʻljallangan ikkita yumshoq oʻrindiq, pastak kursi... Katta xonaning jihozlari shulardan iborat.

Hikmat Oʻrolov yumshoq oʻrindiqlardan birini band etgan, qoʻlida qadimdan qolgan kitob. Koʻzlari kitob sahifasiga qadalgan, xayoli esa nima bilandir qattiq band edi. U zinadan koʻtarilayotgan ikki kishining sharpasini sezmadi. Anvar uning oʻtirishiga qaraboq, ish bilan band emasligini fahmlab, oʻgirildi-da, uy bekasiga savol nazari bilan qaradi. Uy bekasi boshini chayqab qoʻyib, yengil yoʻtaldi. Hikmat Oʻrolov bunga ham e’tibor bermadi. Shunda Anvar balandroq ovozda salom berdi.

Xayol changalidan yulib olingan Hikmat Oʻrolov choʻchib tushdi-yu, ammo sir boy bermay alik oldi-da, oʻrnidan turib Anvarga quchoq ochdi.
— Qoʻngʻiroqning chalinishidan siz kelganingizni biluvdim. Siz astagina, odob bilan chalasiz, — dedi u Anvarni bagʻriga bosib. — Xursandman, mehribonim, xursandman. Qani, oʻtirsinlar. Hozir ittifoqo mavlono Rumiyni oʻqiyotgan edim. Bir rivoyat xayolimni oʻgʻirladi. Oʻqib beray, eshiting. Malikam, siz ham tinglang. Gapni choʻzmaslik uchun mazmunini aytayinmi?
— Men oʻzim oʻqib olarman.
— Durust. U holda choyni shu yerda ichamiz. Ikki olimning suhbati kitobxonada kechgani ma’qul.

Uy bekasi iziga qaytgach, Hikmat Oʻrolov muqovasiga yamoq tushgan kitobni varaqladi. Anvar yozuv stolidagi gazitni koʻrgan, domlaning atayin gapni chalgʻitishga urinayotganini fahmlab turardi.
— Siz yakan nima ekanini bilasiz, a? — deb soʻradi Hikmat Oʻrolov.

Anvar bu soʻzni eshitgan, ammo nimani anglatishini aniq bilmas edi. Shu bois oʻylanib qoldi.
— Faqat pul, demang. Otarchilar bir paytlarda pulni «yakan» deyishardi. Yakan — oʻsimlik, qamishzorda oʻsadi. Yakanni oʻrib olib, quritib uzum osadilar, yoki savat qalpoq toʻqiydilar. Qamish, bilasiz, uzun. Yakan esa pastak oʻsimlik. Xullas, yakan bir kuni qamishga qarab: «Oʻ, birodar, hadeb gʻoʻdayaverma, sal egil, Ollohning quyoshi nuridan biz ham bahramand boʻlaylik», debdi. Qamish unga qaragisi ham kelmay, burnini jiyirib qoʻyibdi. Vaqti-soati kelib qamishni oʻribdilar. Soʻng yakanni. Tasodifni qarangki, oʻsha qamishdan yasalgan boʻyrani bir uyga toʻshabdilar. Shu uy toʻsinlariga esa uzumni osibdilar. Yakandan toʻqilgan savat qalpoqni devorga ilibdilar. Oradan kunlar oʻtaveribdi. Qamish pastda, yakan esa tepada ekan. Oxiri qamish tepadagi yakanga zorlanibdi: «Meni oʻrib olib quritdilar, tepkilab qovurgʻalarimni sindirdilar, soʻng suvga boʻkdilar. Soʻng qayirib bukib, boʻyra holiga keltirdilar. Endi esa har kuni tepkilaydilar. Bu ham yetmaganday bir chetimni qayirib, tupuradilar...» — Hikmat Oʻrolov shunday deb kulimsiradi: — Nos tupursalar kerak-da, a? Xullas, qamishning hasratidan chang chiqibdi. Shunda yakan debdi-ki: «Siz bekor gʻoʻdaydingiz. Gʻoʻdayib oʻsaverdingiz. Ammo ichingiz gʻovak ekanini unutdingiz. Gʻovak boʻlganingiz uchun ham tepkilanishdan boʻlak narsaga yaramadingiz. Hali ham kech emas. Siz oʻsgan yeringizda ildizingiz qolgan. Ularga yetkazing, sizning holingizga tushmasinlar...» — Hikmat Oʻrolov shunday deb Anvarga savol nazari bilan tikildi: — Gʻaroyib rivoyat, shunday emasmi? Qamish oʻrib olinaveradi, kelgusi yili esa ildizidan yana oʻshanday qamish oʻsib chiqaveradi. Bechora oqibatda qanday xor boʻlishini bilmay gʻoʻdayaveradi. Oyoq ostiga tashlanmay, tomga toʻshasalar ham baribir basharasiga loy chaplaydilar... Qismati ogʻir... ammo u yakan boʻlolmaydi...

Hikmat Oʻrolov shunday deb iyagini qashib qoʻydi. Shunda Anvar barmoqlarning yengil qaltirayotganini koʻrdi. «Dardni yashirish qiyin, — deb oʻyladi Anvar. — Xolidiyning ahmoqona gaplariga e’tibor bermay boʻlarkanmi? Domla dardini ichiga yutishga urinyapti. Yuragida bu dardni ham singdirish uchun boʻsh joy bormikin? Domla nimaga bunday qilyapti? Andishadanmi? Andishaning otini qoʻrqoq deyishadi-ku? Indamay qoʻygani barcha boʻhtonlarga rizo ekanini anglatmaydimi? Nahot domla buni tushunmaydi? Qachongacha indamay oʻtiraveradi? Mana shunaqa indamay qoʻya qolish odati borligi uchun ham Xolidiy tap tortmay unga tashlangan. Qani, Mirolimga shunday qilib koʻrsin-chi?! Yoʻ-oʻq, bu shallaqidan qoʻrqadi. Stalin zamonida Mirolim ziyolilarni quritishda rosa xizmat qilgan. Xolidiy unga salgina tegib oʻtsa, oʻzi balolarga qoladi. Mirolim loʻli xotinlarday dod solib, Xolidiyning ayblarini ochib tashlashdan ham qaytmaydi. Hikmat Oʻrolov esa indamaydi... Indamay turib yengmoqchi boʻladi... Shularni unga aytayinmi?.. U mening nasihatimga muhtojmi? Mayli, birovga chang solmasin, ammo... hech boʻlmasa oʻzini himoya qilsa-chi?..»

Hikmat Oʻrolov barmoqlarining titrashidan noqulay ahvolga tushdi. «Sezdimi yo sezmadimi?» degan hadikda Anvarga oʻgʻrincha qarab qoʻydi. «Oʻyga toldi... rivoyat ta’sir qildimi yo Xolidiyni oʻylayaptimi? Kelgani yaxshi boʻldi... Halol yigit. Koʻnglida kiri yoʻq... Shuning uchun qiynaladi. Umr boʻyi qiynalib yashashga mahkum...»

Uy bekasi patnisda non-choy koʻtarib chiqib, oradagi sukutni buzdi.
— Voy esim qursin, dasturxon olmabman-ku, — dedi u xijolat boʻlib.
— Hechqisi yoʻq, malikam, — Hikmat Oʻrolov shunday deb oʻrnidan chaqqon turdi-da, yozuv stolidagi gazitni olib, kursi ustiga yoydi. — Qoʻlbola dasturxon ham boʻlaveradi, siz aziyat chekmang.

Uy bekasi birinchi qavatga tushib ketgach, piyolalarga choy quyildi. Hikmat Oʻrolov gapni chalgʻitib, maqolani eslashni xohlamasdi. Choynakning tagida Xolidiyning maqolasi chop etilgan gazit, ikkovining koʻngli ham, xayoli ham shu gaplar bilan band. Ammo maqola tufayli jabr chekkan odam oʻzining bu mayda gaplardan yuqori ekanini koʻrsatishga tirishadi. Anvar esa bunga toqat qilolmaydi. U oʻzini oqlamoqchi emas, biroq haqiqatni aytishi shart.
— Domla, men hujjatxonada rostdan ham bor edim, ammo... — deb gap boshladi Anvar. Biroq, mezbon soʻzlarini davom ettirishga yoʻl bermadi:
— Siz meni ranjityapsiz, azizim, — dedi Hikmat Oʻrolov, bosh chayqab. — Shu gaplarga ishonadigan goʻl odamga oʻxshaymanmi?
— Domla...
— Gapirmang, azizim, gapirmang. Umr boʻyi oʻsha idoraning xizmatini qilib kelgan odam yoningizga kirib hujjat titadimi? E... uning nayranglarini koʻraverib... Tagʻin ham «domla Inoyatulloni Hikmat Oʻrolov oʻz qoʻli bilan otgan», demabdi. Shunisiga xursandman. Hamonki, shu mavzuda gap ochdingiz, bir narsani aytay: toʻgʻri, domla Inoyatulloni qamashganda koʻplar qatori meni ham chaqirishgan. Mendan avval Xolidiyni ham chaqirishgan. Menga uning koʻrsatmalarini berishgan, oʻz koʻzim bilan oʻqiganman. Mana bu yerdagi,— Hikmat Oʻrolov gazitni barmogʻi bilan urib qoʻydi, — gaplar oʻzining koʻrsatmalari. Domlaning qoʻllariga kishan urib bergan Xolidiyning oʻzi. Siz hujjatlardagi mening imzomni koʻrdingizmi?
— Yoʻq... qaramay chiqib ketdim. Jahl kelganda aql ketdi...
— Xijolat boʻlmang, zarari yoʻq. Hujjatlar vaqti kelib qoʻlingizga tushsa qarab qoʻyarsiz. Men koʻp yozmaganman. Yozganlarim aniq esimda: «Agar halol olim mingta boʻlsa, mingdan biri domla Inoyatullo, u shu mingning oldingi qatorida turadi. Agar bittagina boʻlsa, demak, u shubhasiz — domla Inoyatullo». Meni qiynashmadi. Boshqa soʻroqqa chaqirishmadi. Shunga to hozirga qadar hayronman. Balki men yozib bergan qogʻoz yoʻqotilgandir. Balki imzo boshqa qogʻozga koʻchirilgandir, bunisi menga qorongʻi. Men hali ham oʻsha fikrimda qat’iy turaman: domla Inoyatulloday olim oldida biz sariq chaqa qimmatiga ham ega emasmiz. Bunday deyishimga asos bormi? Bor. Siz ayting, azizim, bizni tarixchi olim deyish mumkinmi?

Suhbatning bu tarzda burilishi Anvarni ajablantirdi, bunday savolning berilishi esa oʻylantirdi.
— Men sizdan javob kutyapman, azizim, — dedi Hikmat Oʻrolov. — Ayting, bizni tarixchi olim deyish mumkinmi?
— Agar kecha boshqa gap aytib, bugun boshqasini da’vo qilayotganimiz nazarda tutilsa...
— Bu boshqa masala. Aytish mumkinki, bu imon masalasi. Unvonlar, ilmiy darajalar ham boshqa masala. Siz menga bir soʻz bilan javob bering: ha, yoki yoʻq! Soʻng javobingizni albatta izohlab ham berasiz.

Hikmat Oʻrolov Anvarning koʻzlariga tikilib kulimsiradi. Anvar bu savolga aqli yetgan darajada javob bera olardi, ammo unga mezbonning asl maqsadi qorongʻu edi. Shu bois javobga shoshilmadi.
— Siz qiynalmang. Oʻzim aytib qoʻya qolay: yoʻq! Sabab: bir kuni domla Inoyatulloning uylariga borsam, zarrabinga tikilib oʻtiribdilar. Sizda zarrabin bormi? Ha, menda ham yoʻq. Xullas, bir arxeolog olim domlaga uzum danaklarini beribdi. Danakning umri salkam ming yil emish. Arxeologning aytishicha, Eski shahardagi qazilma paytida hojatxona oʻrnidan topilgan emish. Domla Inoyatullo arxeologlar bilan yaqin edilar. Siz arxeologlar bilan oxirgi marta qachon uchrashgansiz? Mening ham yodimda yoʻq. Xullas, oʻshanda: «Domla, bu sizga nima uchun kerak?» deb soʻradim. Domla: «Haqiqiy tarixchi olim shulargacha aniq bilishi shart. Husayni uzum hozir qanday, ming yil va avval qanday boʻlgan, ming yil ichida tabiat qanday oʻzgarishlarni, nima sababdan boshidan kechirdi — biz bilmasak, kim biladi? Tarixiy voqealar bilan tabiatdagi oʻzgarishlar orasida uzviy bogʻlanish yoʻqmi?» Xullas, oʻshanda haqiqiy tarixchi olim — domla Inoyatullo deb ishonganman. Biz kitob oʻqib, tahlil qilib, tarix ilmini yaratyapmiz, deb kerilamiz. Bu kitoblarni bizgacha kimdir yozib ketgan. Biz foydalanayotgan adabiyotlarni arab ham, fors ham, farangimi nemismi, juhudmi yo rusmi, kim boʻlsa boʻlsin, yozgan. Ma’lum bir haqiqatga har biri oʻz millati foydasi nuqtai nazaridan yondoshgan va baho bergan.
— Xuddi shu nuqtada xato yoʻlga qadam qoʻyganmiz, — dedi Anvar. — Biz qoʻlimizga juhudning kitobi tushsa, tarix shunday edi, deb javraymiz. Nemisniki tushsa, yoʻq, bunaqa edi, deb turib olamiz. Mana, tarixga ikki xil munosabatga oʻzimiz ham guvoh boʻldik. Kechagina unday devdik, bugun esa bunday. Qadimda shunday hol yuz bermaganmi? Bergan... — Anvar «gaplarini boʻlib ranjitmadimmi?» degan ma’noda mezbonga qaradi. Hikmat Oʻrolov uning xavotirini sezib, «durust gapiryapsiz, azizim, davom eting», deganday jilmayib qoʻydi. Anvar bundan dadillanib fikrini davom ettirdi: — Biz oʻsha kitoblarga qul boʻlib yuraveramiz. Men borayinda Mirolim domlamizdan: «Temur zamonida toifi uzum boʻlganmi?» deb soʻray. Turgan gapki, u «Temurga uzumning nima aloqasi bor», deydi. Holbuki domla Inoyatullo yoʻlini tutgan, oʻzini tarixchi olimman deydigan odam buni bilishi kerak ekan. Haligi aytgan rivoyatingizni qarang... biz ichi boʻsh qamishga oʻxshamaymizmi? Bir masalaga ikki xil qarashga vijdonimiz qanday yoʻl qoʻyadi. Kechagina Mirolim domlamiz Temurni qonxoʻr, deb, Temurning salohiyatiga ijobiy baho bermoqchi boʻlganlarni yamlamay yutgan edi. Bugun esa aksi: kim Temur jang qilgan, desa «Sen tarixga qonli koʻylak kiygizmoqchimisan!» deb yumdalayapti. Qizigʻi shuki, Temur haqida kecha ham shu zot asosiy hukmni chiqarar edi, bugun ham. Ba’zan hayron qolaman. Bu Mirolim deganlari, Temurning otasi uylanayotganida kuyov joʻra boʻlganmi yo Temur tugʻilganida kindigini kesganmikin?

Bu gapni eshitib Hikmat Oʻrolov qah-qah otib kulib yubordi.
— Topib aytdingiz, barakalla, — dedi u oʻzini kulgidan toʻxtata olmay.
— U domlamiz nari borsa Temur haqida toʻrt-besh kitob oʻqigandirlar. Oltinchisini topib, buni ham oʻqing, deyilsa, men bunaqasini bilmayman, deb turib oladilar. Qarang-a! U kishi bilmasalar oʻsha oltinchi kitobning yashashga haqqi yoʻq ekan. Oʻsha oltinchi kitob yuz yillar davomida dunyo olimlarining diqqati markazida turgan boʻlsa-chi? Siz kulyapsiz domla, ammo xafa boʻlsangiz ham bir gap aytaman.
— Ayting, azizim. Bilaman, siz nohaq gap aytmaysiz.
— Siz, sizga oʻxshagan olimlar nima uchun Xolidiyga, Mirolimga maydonni boʻshatib bergansizlar? Yanchib tashlasalaring boʻlmasmidi?
— Yanchib... — Hikmat Oʻrolov kulimsirab, bosh chayqadi. — Soyani yanchib tashlay olasizmi? Axir ular zamon gʻoyasining soyalari edilar. Siz haqiqatchi yigitsiz. Sizga oʻxshagan yigitlar koʻp, shundan xursandman. Lekin orangizda yosh Xolidiylar yoʻqmi? Ularni yanchib tashlay olasizmi? Savolimga hozir javob qaytarmang, javobni vaqt beradi. Azizim, siz bahsni yaxshi koʻrasiz, bilaman. Sizdan oʻtinchim bor: bugun bahslashmaylik. Undan koʻra, siz kelmay turib oʻqigan yana bir rivoyat bayonini aytib beray: Luqmoni hakim bilan ilon bahsini eshitganmisiz?
— Yoʻq.
— Tinglang, ajoyib rivoyat: xullas, Luqmoni hakim yoʻlda borayotsalar bir uydan nola eshitilibdi. Kirsalar, xasta odam ogʻriqlarga chidayolmay dod der emish. Tabiblar kelib, uni bugun-erta oʻladi, deyishibdi ekan. Luqmoni hakim xastaning bilak tomirini ushlab koʻrib debdilarki: — Dardingizga davo bor. Ilon zahri sizga shifo bergay. Xasta debdiki:— Ilon zahrini men qaydan topay? Bir bedavo boʻlsam... Yo meni shu ahvolda tashlab ketaverasizmi? Olloh mening zorimni eshitib, Luqmoni hakimga roʻbaroʻ qilganida edi, u zot meni tashlamas edilar. Luqmoni hakim bu nolani tinglab aytibdilarki: — Zinhor tashlamasman. Xullas, hazrat Luqmoni hakim ilonzorga borib bir yoshroq ilonni boʻgʻzidan boʻgʻib tutibdilar. Shunda ilon ittifoqo tilga kiribdi va debdiki: «Ey inson farzandi, sen nechun meni boʻgʻa-yotirsan? Ollohning menga bergan jabrlari kammi edi?» «Olloh senga qanday jabrlar qildi?» deb soʻrabdilar Luqmoni hakim. «Meni koʻrimsiz qilib yaratdi, odamlar koʻrsalar mendan qochadilar. Meni yertuban qilib qoʻydi, sudralib yurishga mahkum etdi. Endi sen meni boʻgʻib, jonimni olarsanmi?» Luqmoni hakim debdilar: «Shunday qilmasam, bir odam hayotdan koʻz yumar». Ilon debdi: «Ajab! U odamni saqlab qolmoq uchun meni oʻldirasanmi? Axir u ham Ollohning bir maxluqi, men ham. Bir jonni saqlab qolmoq uchun ikkinchisini mahv etmoq shartmi? Ey inson bolasi, sen ayt: men birovni chaqsam, mening zahrimni daf eta olasanmi?» Luqmoni hakim aytibdilar: «Ha, daf eta olaman». Ilon debdi: «Unda mening zahrim kuchli emas ekan. Dunyoda shunday zahar borki, sen uni zinhor daf eta olmassan!» «Qanday zahar? Qora qurtnikimi?» — debdilar Luqmoni hakim. «E, yoʻq, — debdi ilon. — Dunyoda eng kuchli zahar odamning zahri. Bunga davo yoʻqtur. Odam odamni chaqsa albatta oʻlim haqdir! Olloh biz — ilonlarni tuban qilib yaratdi. Ammo biz bir-birimizni chaqmaymiz. Siz — odam bolalarini yuqori qilib yaratdi, siz bir-biringizni chaqib oʻldirasiz. Sen jonini saqlab qolmoqchi boʻlayotgan xastaga mening zahrim davo emas, yanglishma. Uni oʻz doʻsti chaqqan. Uning zahriga davo topa olmassan. Bunga hatto Luqmon ham davo topmagay. Qoʻy, u oʻlaversin, azoblaridan qutula qolsin...» — Hikmat Oʻrolov shunday deb xoʻrsinib qoʻydi.

Uning nima uchun xoʻrsinganini Anvar ertasiga fahmlab yetdi.

3

Nima?!

Hikmat Oʻrolov oʻldi?!

Anvar quloqlariga ishonmadi.

Avvaliga «eng kichik ilmiy xodim»ni institut ostonasida koʻrib «Ertalabdan kimni kutayotgan ekan?» deb oʻylab, ajablangan edi. Endi bilsa, bu shumxabarni yetkazish uchun turgan ekan. Anvar hozir «nima uchun meni qarshiladi, nima uchun meni ichkariga qoʻygisi kelmadi» deb oʻylamadi. Buni keyinroq, jinnixonada yotganida oʻylaydi. Hozir esa shumxabar zarbidan karaxt boʻlib turardi.
— Kecha oqshomda toʻsatdan uzilibdilar, — dedi «eng kichik ilmiy xodim». — Kechqurun uyimga telefon qilishdi. Kechasi bilan shu yerda edik, joy tayyorladik. Xayrlashish uchun shu yerga qoʻyishmoqchi ekan. Kennoyi unamabdilar. Shunga... Oʻlmas aka sizdan iltimos qildilar. Borib, koʻndirib berarkansiz. Siyosiy masala, deyishayapti...
— Siyosiy masala?! — Anvar hamxonasining yoqasiga chang solganini oʻzi ham sezmay qoldi. — Oʻlib ham qutulmasinmi?!

«Anvar aka, oʻzingizni bosing», degan ogohlantirishdan soʻng uning yoqasini boʻshatdi.
— Oʻzi qani, direktorchang? — deb soʻradi titroq ovozda. Soʻng javob kutmay ichkariga qarab yurdi.

Chindan ham ertalabgacha bu yerda ancha ish qilingan edi: eshik ogʻzidagi qorovulning stoli olingan, qoʻyilganidan beri ishlatilmagan kiyim ilgichlar ham yoʻqotilgan, oʻrtaga gilam toʻshalgan, zinaning yonidagi ustunga Hikmat Oʻrolovning surati osilgan, surat ostida esa qora rangli harflarda yozilgan «Berahm ajal atoqli olim, buyuk insonni bagʻrimizdan yulib oldi», deb boshlanib, «oʻlim uni davramizdan olib ketdi, to tirik ekanmiz nomini qalbimizdan hech qanday kuch yulib ololmaydi» deb yakunlanuvchi ta’ziyanoma yopishtirilgan edi. Anvar bu satrlarni atayin toʻxtab oʻqimadi. Bir koʻz tashlashda boshlanishiyu xotimasiga nigohi tushib eslab qoldi.

«Eng kichik ilmiy xodim» zinadan chiqishiga yoʻl qoʻymadi:
— Anvar aka, foydasi yoʻq.

Dastlab Anvar uni siltab tashlagisi keldi. Biroq, uning ma’yus boqib turgan toliqqan koʻzlariga koʻzi tushgach, shashtidan qaytdi. Gʻazab iskanjasi uni bir oz holi qoʻydi-yu, orqasiga oʻgirildi...

Hikmat Oʻrolov yashagan ikki qavatli uy oldida odamlar toʻplanib turishgan edi. Yoʻl chetida nasroniylarning qizil mato qoplangan tobuti, daraxtga esa gulchambar tirab qoʻyilgan, Marhumning uyiga kiraverishda esa ikki yigit yogʻoch otni minishga hozirlardi— tobut atrofini oq mato bilan oʻrardi. Anvar buni koʻrib, yigʻlab yubordi-da, yurishdan toʻxtadi. Choʻntagidan roʻmolchasini chiqarib, koʻz yoshlarini artgach, asta yurib, toʻplanib turgan odamlar qatoriga qoʻshildi. «Eng kichik ilmiy xodim» ham uning yonidan joy oldi. Rahbariyatning topshirigʻini eslatmadi.

Yarim soatlardan soʻng bel bogʻlagan bir yigit Anvarni imlab chaqirib ichkariga boshladi. Dahlizda uni Hikmat Oʻrolovning bevasi qarshiladi.

... kechagina «malikam» deb erkalangan bu ayol bugun beva edi...

Anvar uni koʻrishi bilan yana yigʻlab yubordi. Musibatni chekintira oluvchi, dardga malham boʻlishga qodir biron soʻz tiliga kelmadi.
— Yaratganning irodasi shu ekan, ilojimiz qancha... Sizni chaqirganim ...rahbarlaringizga ayting, xafa boʻlishmasin, ularning topshiriqlarini bajara olmayman. El-yurt nima desa shu...

Beva shunday deb yigʻi ovozi chiqib turgan xona sari yurdi. Anvar boʻgʻzini boʻgʻayotgan yigʻini qaytarishga urinib, joyida picha turdi. U xonadan bu xonaga, uydan koʻchaga... kirib-chiqib yurgan, musibatga bandi boʻlgan odamlar uning qotib turganiga e’tibor berishmadi.

Anvar beixtiyor zina sari yurdi. Ikkinchi qavatga koʻtarildi. Kitobxona eshigi lang ochiq. Ichkari boʻm-boʻsh... Yetim qolgan yozuv stoli, kitoblar... unsiz boʻzlashadi. Bu xonadagi faryodlar pastdagi yigʻidan baravjroq, ammo uni hech kim eshitmaydi. Dam oʻtmay pastda gʻassol murdani yuvadi. Badandagi kir suvga qoʻshilib toʻkiladi. Bu xonaga esa tilga chiqarilmagan dardu hasratlar toʻkilib qolgan. Yurakni tirnagan, oxir-oqibat tomirlarni uzib tashlagan alamlar ham shu xonada qoladi. Endi bu xonaga ozod ruh egalik qiladi...

Anvar ichkariga oyoq qoʻyishga botinmadi. Nazarida yumshoq oʻrindiqda Hikmat Oʻrolov oʻtirganday, unga qarab jilmayib qoʻyganday boʻldi. Keyin uning ovozini eshitdi. Aniq eshitdi:

«...Dunyoda shunday zahar borki, sen uni zinhor daf eta olmassan. «Qanday zahar, qora qurtnikimi?» debdilar Luqmoni hakim. — «E, yoʻq, — debdi ilon. — Dunyoda eng kuchli zahar odam zahri. Bunga davo yoʻq. Odam odamni chaqsa albatta oʻlim haqdir! Olloh biz — ilonlarni tuban qilib yaratdi. Ammo biz bir-birimizni chaqmaymiz. Siz — odam bolalarini yuqori qilib yaratdi, siz bir-biringizni chaqib oʻldirasiz. Sen jonini saqlab qolmoqchi boʻlgan xastaga mening zahrim davo emas, yanglishma. Uni oʻz doʻsti chaqqan. Uning dardiga davo topa olmassan. Bunga hatto Luqmon ham davo topmagay. Qoʻy, u oʻlaversin. Azoblardan qutulsin...» Anvarning nazarida Hikmat Oʻrolov bu gaplarni baland ovozda aytdi. Bu gaplarni pastdagilar ham, koʻchadagilar ham eshitishdi...

Anvar ostonada yana bir oz turgach, iziga qaytdi.

«Bu ayol buncha sabotli boʻlmasa, — deb oʻyladi u. — Shunaqa vaziyatda ham odob chegarasida qolish shartmi? Dod solmaydimi? «Erimni senlar oʻldirdilaring, chaqib-chaqib oʻldirdilaring! Ilon chaqsa oʻlmay qolardi, senlarning zahring jonini oldi! Keltirgan tobutlaring oʻzlaringga buyursin, oʻzlaring tushib yotlaring, rohatlanlaring!..» deb baqirsa boʻlmaydimi! «Sen ham shularning birisan!» deb meni-da yulib tashlamaydimi?..»

Anvar tashqariga chiqdi. Tanish, notanish odamlar... Achingan ham, loqayd ham, musibatga sherik ham, «oʻlgani yaxshi boʻldi» deguvchi ham shu yerda. Anvarning koʻziga hamma — doʻst ham, dushman ham ilon boʻlib koʻrindi. Oʻzini ulkan bir ilonxonada his etib, badaniga muz yugurdi. Nazarida qoʻl qovushtirib, qaygʻuga berilganday boʻlib turganlar odamlar emas, balki lunjini shishirib, tilini oʻynatib, bir hamla bilan chaqishga tayyor turgan ilonlar edi goʻyo. Sudralib yuruvchi rosmana ilonlar chaqaman, deb niyat qilmaydi, ikki oyoqli ilonlar esa fursat poylaydi. Mana shu turganlarning qay biri qachon, qay birini chaqar ekan? Mana shu turganlarning qay biri qachon odam zahridan tatib oʻlar ekan? Rosmana ilonlar chaqadi-yu, qochadi. Ikki oyoqlilar esa to koʻmib tashlamagunicha tinchimaydi... Jasadni koʻmish bilan cheklansa koshki edi, xotirasini, nomini ham koʻmishga intilsa-chi?

Anvarning xayoli shu gaplar bilan band, koʻzlari esa odamlar orasidan kimnidir qidirardi. Murda olib chiqilganda ham, masjid sari yurilganda, janoza oʻqilayotganida, hatto qabrga qoʻyilayotganida ham izladi uni. «Qilgan ishidan pushaymon yedimi, uyaldimi?» degan savolga javob topa olmadi.

Qabrga tuproq tortilgach, tanish ovozni eshitib, hayrat bilan alangladi — «Qachon paydo boʻldi bular?!»
— Hurmatli oʻrtoqlar! — dedi Oʻlmas Akram baland ovozda. Hamma, jumladan, toʻnkarilgan tobut ustiga oʻtirib qiroatni boshlay deyayotgan imom ham ovoz kelgan tarafga qaradi. Tuproqni ketmon bilan shibbalayotgan goʻrkov yonida Oʻlmas Akram, Xolidiy, Mirolim, yana bir necha nomdor olimlar paydo boʻlgan edilar.

Oʻlmas Akram «ilm ahlining musibatini» bayon etgach, soʻzni «marhumning yaqin safdoshi ulugʻ olim Xolidiy»ga berdi. Anvar uning «Aziz birodarim...» degan dastlabki soʻzlarini eshitdi-yu, vujudini zirillatgan gʻazab quloqlarini kar qildi, koʻz oldiga qizil parda tortdi. U tamoman oʻzini yoʻqotdi-da:
— Munofiq! — deb baqirdi.

Odamlar hayrat bilan unga qaradilar. Anvarni taniganlar maqsadni tushundilar. Tanimaganlar esa: «Bu yigit kimni «munofiq» deyapti, marhumnimi yo voiznimi?» — deb ajablandilar. Xolidiy esa bu hitobni eshitmaganday gapni xotirjam tarzda davom ettirdi:
— Munofiq!! — Anvar yana baqirib notiq sari sapchidi. — Uni sen oʻldirding, hayvon! Yana aziz birodarim, deysanmi?!

Anvar ogʻzidan chiqayotgan soʻzlarni nazorat qila olmas edi. Odamlar nima gapligini tushunib yetgunlariga qadar u Xolidiyning boʻgʻziga chang solishga ulgurdi.

Bu manzara uzoq davom etmadi. Anvarni ajratdilar. Kimdir qoʻlini qayirib oldi.
— Sen ilonsan! Sen ichi gʻovak qamishsan! Toʻqayga oʻt qoʻyaman, ildizingni quritaman!

Anvar jon achchigʻida baqirar, qoʻllarini kim qayirayotgani, kim sudrab borayotganini fahm etmas edi. Dafn marosimiga toʻplanganlar ham Anvarning qoʻllarini qayirgan bu baquvvat gʻilayning qayoqdan paydo boʻlganini bilmas edilar.

Xolidiy otashin nutqini tugatayotgan damda Anvarni biqinida qoʻshuv alomati bor, usti berk mashinaga zoʻrlab chiqardilar. Ustiga yengsiz uzun koʻylak kiydirdilar. Imom tilovatni boshlaganda mashina jinnixona sari yoʻl olgan edi.

II- qism