OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiShaytanat (II- kitob, III- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Kriminal belletristika
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm249KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/12/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shaytanat (II- kitob, III- qism)
Tohir Malik

XVIII bob

1

Oddiy hazil yoki kimnidir laqillatish maqsadida aytilgan gap oxir-oqibatda kimningdir joniga qasd qilinmogʻi uchun sabab boʻlajagini barcha ham vaqtida fahm eta olmaydi. Ba’zida hatto koʻpni koʻrganlar ham «nahot shu gap bilan falonchini oʻldirib ketishibdi?» deb ajablanishadi. Roviylar «aytgan soʻzim — hojam, aytmaganim — qulim» deb ekanlar. Shundanmi, hojaga aylangan gap istasa kuldiradi, istasa yigʻlatadi. Xohlasa — jon beradi, xohlasa — jon oladi. Olganda ham inson bolasiga koʻp azoblar berar, it azobini boshiga solar. Oʻlimga yetaklovchi boshqa hech bir yoʻlda bu qadarli azoblar yoʻqdur...

Zohid yoqimsiz hamkasbining jigʻiga tegish uchun aytgan gapi ikki odamning jonini olib ketishi mumkinligini, oqibatda oʻzi ham ogʻir ahvolga tushib qolajagini oʻylamagan edi.

Kecha oqshomda prokuror uni qabul qilib, barcha gaplarini diqqat bilan tinglab, soʻng yaxshi soʻzlar bilan koʻngliga chiroq yoqqan edi. Zohid avvallari tashvish tikanaklari ustida yotib toʻlgʻonib chiqqan boʻlsa, bu kech yaxshilik umidi chirogʻida koʻzi qamashib uxlay olmadi. Prokurorning gaplari dam-badam qulogʻi ostida jarangladi: «Siz aytgan Asadbeklar kim, homiylari kim — bilamiz. Ular bilan hisob-kitob vaqti keladi. Arqonni uzun tashlang. Bir-ikki odamni qafasga solgan bilan ish bitmaydi. Hammasini birvarakayiga ilintirish harakatini qilamiz. Bu harakatda siz ham borsiz...»

Bu albatta yaxshi gap. Ammo... birvarakayiga ilintirish vaqti yetguncha ular jim turarmikin? Oʻgʻirlashmasmikin, bokira qizlarning nomuslarini bulgʻashmasmikin, zoʻrlik qilishmasmikin? Va nihoyat... oʻldirishmasmikin? Xorij filmlariga ishonilsa, undagi jinoyatchilar, undagi odam oʻldirishlar oldida Asadbeklar halimdekkina, odobli odamlar, deyish mumkin. Lekin arqon uzun tashlansa, ular ham oʻsha kinolardagidek, balki undan-da battar vahshiylashib ketishmasmikin?

Zohid tunda shularni oʻyladi, prokuror bilan xayolan bahslashdi. Unga tasalli bergan narsa — prokurorning hamma narsalardan xabardorligi, jinoyatchilarga xayrixoh emasligi. Eng muhimi shu! Qolganini vaqt hal qiladi.

Zohid tergovni davom ettirish, yanada qat’iyroq harakat qilish qasdida ishga kelgan edi. Oʻsha yoqimsiz hamkasbi, yoqimsiz xabar bilan qarshiladi:
— Eshitdingizmi, kavkazliklaringizni oʻldirishibdi, — dedi u mamnun bir qiyofada.
— Oʻldirishibdi? Kim oʻldiradi? — deb soʻradi Zohid.
— Hammomda urish chiqibdi. Kim oʻldirgani noma’lum.

Zohid uning gapini oxirigacha eshitmadi. Xonasiga kirdi-da, eshikni qulfladi. Joyiga oʻtirib, boshini changalladi. Boshi savollar oqimida shishib, yorilib ketay derdi: nimaga oʻldirishadi? Kim oʻldiradi? Kecha prokuror ularni boshqa turmaga koʻchirishga va’da bergan edi. Bu haqda buyruq chiqarishga ulgurdimi? Va’dasi chinmidi yo qoʻynini puch yongʻoqqa toʻldirdimi?

Savollar behisob, javob esa yoʻq.

Gumondagi odamlar soni ortib boradi. Hatto prokuror ham shu safda. Ammo aniq bir odamni aybdor deb ayta olmaydi.

Zohid gumonlar, savollar poʻrtanasiga bandi boʻlib uzoq oʻtirdi. Poʻrtana domiga tortgani sayin u oʻzini ojiz, notavon his etardi. Nazarida, miyasi oʻz faoliyatini toʻxtatgan, quvvatdan qolgan, fikrlashdan mahrum boʻlgan edi. U goʻyo qorongʻu gʻorga kirib adashganday — na iziga qaytar yoʻlni biladi, na roʻpara-sida yilt etgan chiroqni koʻradi. «Maqsadim nima edi-yu, nimaga erishdim? — deb oʻyladi u. — Shamol tegirmoniga ot solgan befahm Don Kixotdan nima farqim bor? Arqonni uzun tashlaganning foydasi shumi? Uzun tashlangan arqon battar chuvalashib ketmaydimi? Koʻzi ojiz odamlarning oyoqlari bu arqonga ilashib, yiqilmaydilarmi?...»

Zohid tortmadan ikki kavkazlikning suratini olib, tikildi. Koʻzlarida vahshiylik uchqunlari chaqnab turgan bu odamsifat maxluqlarning oʻldirilgani bir jihatdan yaxshi. Zohid ularning qismatiga achinmaydi. Ularning oʻlimi boshqa jonlarning omon qolishini ta’minlar balki? Zohidni qiynagan narsa boshqa — ularning sirli oʻlimi koʻp sirlar ustiga parda tortdi. Endi bu pardani koʻtarish mumkinmi? Agar ular atayin oʻldirilgan boʻlsalar, endi navbat kimniki?

Zohid «ular atayin oʻldirilgan» degan fikrdan uzoqlasha olmas edi. Avvalo devday bu ikki odamni uncha-buncha kuch yengolmas. «Petrashvili sherigi chet elga chiqarib yuborishni talab qilyapti» degan gap kimlargadir yoqmagan, shartnomada yoʻq talab ularni sergaklantirib, rejalarini oʻzgartirgan boʻlishlari mumkinmi? Mumkin!

Zohid uzil-kesil shu javobda toʻxtab, mayor Solievni topish ilinjida telefon goʻshagini koʻtardi.

2

Zohid uchun kun zulmat pardasi ostida oʻtdi. Qaysi bir ishni ixtiyor etsa boshi omadsizlik devoriga borib urilaverdi. Mayor Solievni topa olmadi. Har kuni hech boʻlmasa bir qoʻngʻiroq qilib ahvol soʻrovchi mayor bugun atayin berkinib olganday — qaerdaligini na uyidagilari biladi, na hamkasblari. Hamdam Tolipovni yoʻqlashni xayoliga ham keltirmadi — hali Fargʻonadan qaytmagan deb oʻyladi. Hamdamning erta saharda qaytib, ishga kirishib ketganini, chigalning bir uchini oʻlikxonalardan qidirayotganini Zohid bilmas edi.

Qamoqxonaga borib ham Zohid tayin bir ma’lumot ololmadi: murdalar tekshirish uchun olib ketilgan. Ularni kim oʻldirgani noaniq. Faqat mushtlashuvni boshlagan yigit ma’lum. Uni ham oʻsha zahoti boshqa qamoqxonaga koʻchirganlar. Bu ish shaxsan prokuror nazoratida emish! Shunday boʻlishi Zohid uchun durust edi. Chunki prokuror shaxsan nazorat qildimi — demak, bu anov-manov ishlardan emas, aro yoʻlda ham qoldirilmaydi. Lekin... ana shu «lekin»i bor-da. Prokuror ishni chuvalamay tezroq yopish tarafdori boʻlsa-chi? Ana shu gumon Zohidni sarosimaga soldi.

Zohid shomga yaqin qamoqxonadagi janjalni boshlagan yigitni tergov qilayotgan hamkasbi bilan uchrashdi. Tilla halli koʻzoynak taqqan bu yigit tabiatan kamgap edimi yo Zohid bilan suhbatlashishni istamadimi, har nechuk savollarga qisqa-qisqa javob qaytardi. Vaqti ziq ekanini aytdi.
— Men u yigit bilan gaplashishim mumkinmi? — dedi Zohid, uning qiligʻidan ranjib.
— Hozircha mumkin emas.
— Qachon mumkin boʻladi?
— Bu prokuratura tergovchisining savoli emas.
— Yaxshi. Siz tergov qilayotganingizda ishtirok etishim mumkinmi?
— Hozircha yoʻq.
— Siz boshlagan ish men olib borayotgan ish bilan bir yerda kesishyapti. Nima uchun buni tushunishni istamaymiz?
— Tushunib turibman. Prokuror ham yaxshi tushunganlari uchun jiddiy shugʻullanishni vazifa qilib qoʻydilar. Vaqti kelib, balki birgalikda ish yuritarmiz. Hozircha sizga aytadiganim: u yigit bir qizni zoʻrlashda ayblangan. Ishi sudga oshirish arafasida ekan. Aytishicha, Petrashvili u yigitga bir-ikki qiliq qilgan. Hammomda esa zoʻrlamoqchi boʻlgan. Yigit taekvando bilan shugʻullangan ekan. Boʻsh kelmagan. Petrashvili boshqalarning ham joniga tegib yurganmi, har holda, mushtlashuvga koʻpchilik aralashgan. Mening hozircha bilganim shu.
— Demak... Sizningcha bu atayin uyushtirilmaganmi? — dedi Zohid hamkasbiga ishonchsizlik nazari bilan boqib.
— Hozircha menda bunday ma’lumot yoʻq. Agar siz bu qotillik avvaldan tayyorlangan, degan fikrda boʻlsangiz, marhamat, isbot qilishga urinib koʻring, fikrlaringizni inobatga olay.
— Yoʻq, hozircha fikrim oʻzimda tura tursin. Vaqti kelsa oʻrtoqlasharmiz, — Zohid shunday deb xonadan chiqmoqchi boʻlganida hamkasbi toʻxtatdi:
— Siz haqingizda eshituvdim. Ugroda ishlab yurganingizda ham haqiqatparastlik qilar ekansiz. Bu yaxshi fazilat. Ammo bu sohada faqat sizgina adolatli, sizgina haqiqatparast emassiz. Sizdan yoshim kattaroq boʻlgani uchun aytib qoʻyay: hamkasblaringizdan sira gumonsiramang. Gumon bilan uzoqqa bora olmaysiz. Biz bir-birimizdan gumonsirasak, bir-birimizga ishonmasak, xalq bizni sariq chaqaga ham olmay qoʻyadi. Shusiz ham odamlar bizga uncha ishonmaydi.
— Bunga asos boʻlsa-chi?
— Asos hamisha ham haqiqat boʻlavermaydi.

Zohidga uning keyingi gaplari bir oz ma’qul boʻldi.

3

Zohid hamkasbi bilan gaplashib turganida shahar atrofidagi oʻlikxonalarni bir-bir tekshirib chiqayotgan Hamdam Tolipov muddaoga yaqin kelib qolgan edi. Bu ishni u Fargʻonaga ketmay turib boshlagan, barvaqtroq qaytgani uchun yakunlab qoʻya qolish niyatida edi.

Yoqib yuborilgan murdaning Jamshid Sunnatullaev emasligiga ishonch hosil qilingach, oʻlikxonadan egasiz murda olingan, degan qarorga kelishgan edi. Ekspertiza xulosasiga koʻra, bu egasiz murda avtomobil halokatiga uchragan odamniki boʻlishi mumkin. Shu fikr bilan ish boshlagan Hamdam bir oyning nari-berisida mashina urib yuborgan odamlar roʻyxati bilan qiziqdi. Shahar bilan cheklanmay, atrof tumanlardan ham ma’lumot olib, shu ma’lumot asosida kasalxonalarni aylandi.

Togʻ yonbagʻridagi kasalxonaga kelganida, kech kirib qolgani uchun rahbariyat uy-uyiga tarqagan edi. Hamdam oʻlikxonada biror kimsa bordir, degan taxminda toʻrt qavatli binoning orqa tomonidagi pastak, koʻrimsiz bino sari yurdi. Qip-qizil rangga boʻyab qoʻyilgan eshik tepasidagi lavhaga «Begona kishilarning kirishi qat’iyan ta’qiqlanadi. Ma’muriyat.» deb yozib qoʻyilgan edi. Hamdam bu yozuvni oʻqib kuldi. «Bu yerda kim begonayu kim begona emas,— deb oʻyladi u. — Oʻlikxona boʻlganidan keyin tiriklar begona-da. Undan koʻra «Xush kelibsiz, oʻrtoq oʻliklar!» deb shior osib qoʻyilsa yaxshiroq boʻlarkan...»

Eshik ichkaridan zanjirlangan edi. Hamdam astagina, odob bilan taqillatdi. Javob hayallagach, takror taqillatdi. Bir ozdan soʻng ichkarida sharpa sezilib, zanjir tushirildi. Eshikni ochgan soch-soqoli uzun, ogʻzi-burni arang koʻrinib turgan, koʻzlari balchiqda yotgan munchoqni eslatuvchi malla odam Hamdamga qarab kerishib, baralla esnadi-da:
— Bugun kech qolding, bratan. Bugun endi oʻlik berilmaydi, xoʻjayinlar yoʻq, — dedi.

Hamdamdagi ichki bir sezgi «shuni qoʻldan chiqarma» dedi. Hamdam bu gʻoyibona sasga quloq berib, oʻlikxona egasiga salom berib, qoʻl qovushtirdi.
— Bugun oʻlik berilmaydi, gapimga tushunmadingmi? — dedi badbashara.

Hamdam unga qarab turib: «Buncha badbashara boʻlmasa, undan hatto oʻliklar ham qoʻrqsa kerak», deb oʻyladi. Hamdamda hushlamaydigan odamini ochiq mensimaslik odati bor edi. Ammo ishning bitishi shaytonga bogʻliq boʻlsa, aravasi loydan oʻtgunicha unga-da ta’zim qilib turishdan toymasdi. Hozir shunday boʻldi: badbasharani tepib yuborishga tayyor boʻlgani holda, moʻminlik bilan dedi:
— Bir qarindoshimizni qidirib yuribmiz. Xudo koʻrsatmasinu, ammo ruxsat bersangiz, bir qarab chiqsam. Yaxshiligingiz yerda qolmaydi, xursand qila-man.
— Yoʻ-oʻq, — dedi badbashara, — xoʻjayin bilib qolsa, pattamni qoʻlimga tutqizadi.
— Xoʻjayin qolibdimi, shu paytda. Hamshiralari bilan maishatini qilib yotibdi. Ular jonining huzurini bilishadi.

Hamdam shunday dedi-da, choʻntagidan nasha aralashtirib oʻralgan papiros olib tutatdi. U badbasharaning narxni oshirish uchun yana bir oz tarang qilishini bilardi. Shu bois uni toʻla holda qoʻlga olish maqsadida papirosni baralla tutatdi. Nasha hidi dimogʻiga urilgan badbasharaning koʻzlari chaqnadi. Hamdam bu koʻzlardagi oʻzgarishni sezib, quvondi. «Gah desam qoʻlimga qoʻnasanu tarang qilganing nimasi?» Chindan ham badbasharaning chidami uzoqqa bormadi.
— Bratan, menga ham bir torttirsang-chi, — dedi yutinib.
— Ma, tort, — dedi Hamdam, unga papirosni uzatib.

Badbashara bosib-bosib chilim tortganday huzurlandi. Koʻzlari suzildi. Hamdam oxirigacha tortib tugatishiga qoʻymay, qoʻlidagi papirosni oldi. Badbashara joni sugʻurilganday entikdi.
— Qarindoshing qiz bola emasmi? — dedi u yumshoq ohangda.
— Nima edi? — dedi Hamdam tutunni u tomon puflab.
— Bugun bitta qizni olib kelishdi. Ishini olib, oʻzini oʻldirib ketishibdi. Koʻrasanmi?
— Koʻraman.

Ichkariga kirishdi. Qator yotqizib qoʻyilgan murdalarning oyoq tomonida, eski stol ustida yarmi ichilgan vino, kolbasa, non burdalari turardi. «Maishatini buzibman-da», deb oʻyladi oʻzicha Hamdam.

Badbashara stolga yaqin yotgan murda tepasidagi choyshabni tortdi. Oʻn olti-oʻn yetti yoshlardagi goʻzal xuddi uyquda yotganday edi.
— Shunday ketvorgan narsani uvol qilishibdi, — dedi Badbashara xoʻrsinib. — Ishini olibsan, oʻldirib nima qilasan? Qara, oʻligi ham zoʻr-a! Shu holda oʻpsang ham maza qilasan. — Badbashara engashib qizning labidan oʻpdi. Hamdamning koʻngli aynidi. Uning gardaniga musht tushirgisi keldi. Badbashara esa qaddini koʻtarib unga qarab tirjaydi: — Oʻpib koʻrsang-chi?

Hamdam uning bilagidan ushlab, tashqariga sudradi.
— Hoy, nimaga sudraysan meni? — dedi Badbashara.
— Gap bor, yur, — dedi Hamdam zarda bilan.

Tashqariga chiqqach, sal oʻzini bosdi. Pastak zinaga oʻtirib, yana nasha aralashtirilgan papiros tutatdi. Badbashara uning yoniga oʻtirib, najot koʻzi bilan tikildi.
— Egasi yoʻqmi bu jononning? — dedi Hamdam unga tutun puflab.
— Hozircha yoʻq, — dedi Badbashara entikib.
— Menga sot uni.
— Qachon?
— Hozir.
— Yoʻ-oʻq, hozir boʻlmaydi. Egasi chiqib qolishi mumkin. Besh-olti kundan keyin hech kim kelmasa «koʻmvor», deyishadi. Ana oʻshanda kelsang, boshqa gap.
— Menga bugun kerak. Bir ogʻaynimga zarur boʻlganda sendan olgan ekan, menga tarang qilma.
— Qachon olibdi?
— Oʻn-oʻn besh kun oldin. Mashina urgan odamni sotibsan.
— E, umi, u eski oʻlik edi. Koʻmishga erinib turuvdim.
— Menga beradiganing yoʻqmi?
— Hozir yoʻq, bratan. Xafa boʻlma.

Hamdam papirosni uning qoʻliga tutqazib, yelkasiga urib qoʻydi:
— Ertaga kelaman, tayyorlab qoʻy.

Shunday degach, oʻrnidan turib, tez-tez yurib, uzoqlashdi.

4

Zohidga yeyayotgan lagʻmoni shoʻr tuyulib, kosani nari surib qoʻydi. Fe’li aynib turganini sezgani uchun ham xotini indamadi. Zohidga xotinining indamayotgani ham yoqmadi. U kun boʻyi toʻplagan zahrini kimgadir sochishi kerak edi. Zahar sochish uchun esa birgina soʻz talab etilardi. Ana shu soʻz kosa surilganda «Ha, ovqatning nimasi yoqmadi?» yoki «men pishirgan ovqat keyingi paytda yoqmay qoldi oʻzi» tarzida aytilmogʻi darkor edi. Aytilmadi. Endi bunday soʻzni oʻzi sugʻurib olishi kerakmi? Kerak!
— Odam yeydigan ovqat qilsang, bir nima boʻlib qolasanmi? — Bu — Zohidning degani.
— Odam yeydigan ovqat boʻlmay, nima bu? — Buni xotini aytishi lozim edi. Aytmadi. Nigohini olib qochish bilan cheklandi.
— Tuz tekinmi? Chelaklab soldingmi? — Bu — Zohidning aytgan gapi.
— Tuz solganim yoʻq, peshonamning shoʻri oqib tushdi. — Bu — xotini aytmagan gap.

Yoʻq, zahar sochishning ham imkoni boʻlmadi. Bu kunga qargʻish tekkanmi, oʻz xotiniga baqirishning ham ilojini qilmadi. Zohid zahar sochishning yangi yoʻllarini izlab oʻtirganida telefon qoʻngʻirogʻi jiringlab, xotini ustiga toʻplanayotgan bulutlar tarqaldi. Zohid Hamdamning ovozini eshitishi bilan yengil tortdi.
— Qachon keldingiz? Tez koʻrishishimiz kerak, — dedi Zohid shoshilib.
— Boʻpti, anhor boʻyiga kel. Yaxshi gaplar bor. Erisang, aytaman, — dedi Hamdam quvnoq ohangda.
— Maqsud akamni kun boʻyi topolmadim.
— Men hozir gaplashdim. Chaqiraymi?
— Yaxshi boʻlardi...

Anhor sohilidagi oshxonaning ish vaqti tugagan, faqat bir-ikkita stolda erka mijozlar maishatlarini davom ettirar edilar. Hamdam barvaqtroq kelgani uchun joy hozirladi. Uning kimligini yaxshi bilgan oshxona xoʻjayini xizmatda boʻldi. «Prokuraturadan nozikroq odamlar» kelishini bilgach, yanada ildamroq xizmat qildi.

Zohid kelishi bilan Hamdam:
— Ishdan gapirmay tur, oʻlarday ochman, — deb ogohlantirdi-da, ikkita piyolaga aroq quydi. — Qani, oldik. Olaylik, oldirmaylik, yigit oʻlmaylik, balo koʻrmaylik.

Hamdan piyolani bir koʻtarishdayoq boʻshatib, oʻylanib turgan Zohidni asta turtdi:
— Ol, tortinma, sening hisobingdan boʻlyapti. Zoʻr gap bor.

Zohid ham deyarli och edi. Aroq darrov ta’sir etdi.
— Ayting, oʻsha zoʻr gaplaringizni, — dedi ikkinchi piyoladan keyin.
— Oqsoqol kelsinlar, sabr qil.

Mayor Soliev koʻp kuttirmadi. U ham uyida ovqatlanishga ulgurmagan edi. Davraga qoʻshila qoldi.
— Barvaqt qaytibsanmi? — deb soʻradi u, likopchadagi goʻshtga qoʻl uzata turib.
— U yoqda biz qiladigan ishning oʻzi yoʻq, — dedi Hamdam. — Ish Maskovliklardan ortmayapti. Bizni dastyorlikka yuborishganmi, hayronman. Meni Pyotr Ivanovich deganiga tirkab qoʻyishdi. Qarasam, meni ishga aralashtiradigan emas. «Shunchani qamaysan» degan plan bilan kelganmi, yengil-elpi tergov qilib, ishni sudga oshiradigan. U-bu, desam, aralashma, deydi. He, dedim, onang Stalinga oʻptirgan boʻlsa ham, oʻzingni bos. Men ham pastu baland narsaga tushunaman. Senga dastyor boʻladigan ahmoq yoʻq, dastyorga muhtoj boʻlsang, malla bolalardan qoʻshib qoʻyaymi, dedim. Mingʻir-mingʻir boʻlsa ham mardligi bor ekan. Pastu balandga tushunsang, izingga qaytaver, men xoʻjayinlaringga bir nima deb qoʻyaman, dedi. Nazarimda, ular bizning borishimizdan choʻchishdi. Bizni nazorat qilishga kelishgan, deb oʻylashdi shekilli.

Hamdam shunday deb piyolalarga yana quyda-da, Zohidga qaradi:
— U yoqqa men emas, sen borishing kerak ekan. Haqiqat degan narsaning bunchalik bulgʻanib tashlanishini umringda koʻrmagansan. Anqovlarni bir chekkadan terib olishib, bilgan oshlarini ichib yotishibdi.
— Qanaqa anqovlar? — deb soʻradi Zohid ajablanib.
— Tomoshaga chiqqan anqovlar-da. Kimlardir yoqqan, oʻldirganu juftakni rostlab qolgan. Anqovlar esa «nima boʻlyapti ekan?» deb tomoshaga chiqqan paytda nazarga tushgan. Ijrochilar ketib, tomoshabinlar qarmoqqa ilingan. Men shuncha yurib, bir narsaga tushunmadim. Odamlarni yoqib yuborishibdi. Benzin sepib yoqishibdi. Bunaqasini koʻz ham koʻrmagan, quloq ham eshitmagan. Oʻzbek, ayniqsa fargʻonaliklar gʻazabga minsa, «he enangdi» deb shartta kalla qoʻyadi, juda jonidan oʻtib ketsa pichoqqa yopishadi. Yigirmanchi yillardagi qirgʻinda ham odam yoqishmagan ekan. Bu qanaqasi boʻldi?

Mayor bu gapni eshitib, qoʻlidagi piyolani joyiga qoʻyib, stol ustini cherta boshladi.
— Qiziq gap, — dedi u oʻychan tarzda. — Mulohaza qilib koʻradigan gap.
— Oʻylaganda-oʻylamaganda biz hech nima qila olmaymiz. Gʻisht qolipdan koʻchib boʻlgan. Biz bir-ikki oʻgʻrini ushlab, qamab, kerilib yuribmiz. Bu yoqda biz bilmagan, ming oʻylab bir kallaga kelmagan ishlar bor ekan. Nimalargadir aqlim yetib turibdi, lekin oʻsha nimalarnidir isbot qilib bera olmayman. Isbot qila olmaganimdan keyin mening aqlimga noʻl baho! Xoʻsh, bu gaplarning foydasi yoʻq. Qorin toʻydi, bir gʻam ketdi. Boʻladigan gaplardan gaplashaylik. Prokuror, dardingni ayt.

Zohid kavkazliklarning oʻlimi haqida bilganlarini, gumonlarini bayon qildi. Hamdam diqqat bilan eshitdi. Mayor Soliev stol chertish bilan ovora boʻldi. Zohid gapdan toʻxtab, mayorga qaradi.
— Eshituvdim, — dedi Soliev xotirjam tarzda. — Gumonlaringda jon bor. Lekin bu oʻlim tasodif boʻlishi ham mumkin.
— Guvohlarni yoʻqotishga kirishishgan boʻlishsa-chi? — dedi Hamdam.
— Boʻlishi mumkin. Unda endi kimning gali?
— Albatta oʻlikxonadagi badbasharaniki, — dedi Hamdam.
— Badbashara? U kim? — deb soʻradi mayor Soliev.

Hamdam bugungi hangomalarni bir boshdan, batafsil aytib berdi.
— Agar yanglishmasam, endi ikkita guvoh qoladi. Bittasi oʻsha, yana bittasi — taksi haydovchisi. Ularni qoʻldan chiqarmaslik kerak.
— Nima qilamiz? Qoʻriqlaymizmi? — deb soʻradi Zohid.
— Foydasi yoʻq. Oʻlikxonadagini qamash kerak. Taksichini qochirib yuboramiz. Buni oʻzim eplashtiraman.
— Ertalabgacha oʻylaylik, — dedi mayor Soliev.
— Bu ham yaxshi taklif. Prokuror, endi choʻntakni kavla. Oshxona xoʻjayiniga salom berib qoʻy. Olmayman, deb noz qiladi-yu, ammo choʻntagiga besh- oʻn tanga solib qoʻyaver. Yana qornimiz ogʻrib yurmasin.

XIX bob

1

Chuvrindi Anvarni boʻlajak safardan ogoh etgach, Elchinnikiga bordi. Kechagi ahdlashuvga muvofiq Elchin Halimjonni topib, uyida kutishi lozim edi. Har ishda aniqlikni, puxtalikni yaxshi koʻradigan Chuvrindi bu safar ham odatiga xiyonat qilmay, aytilgan vaqtda keldi.

Darvoza eshigi ochiq boʻlgani uchun Elchin uning kelganini bilib, oʻrnidan turdi. Halimjon ham turib unga ergashdi. Chuvrindi oʻrnidan qoʻzgʻolmadi, oʻtirgan yerida soʻrashdi-da, Halimjonga qarab «oʻtir» degan ma’noda orqa oʻrindiqqa qarab qoʻydi. Elchin «men ham borayinmi?» demadi. Chuvrindi unga «siz ham yuring» deb lutf qilmadi.

Mashina oʻrnidan qoʻzgʻolgach, Chuvrindi Halimjonga koʻzgu orqali qaradi: «Gavdasi chayir, yaxshi. Koʻzida ma’no bor. Qaeridir Jamshidga oʻxshaydi. Shu oʻxshashlikni sezsalar, Bek akamga ma’qul boʻlar...»
— Mening kimligimni bilasanmi? — deb soʻradi Chuvrindi, unga bir qarab olib.
— Elchin akam aytdilar.
— Unda qayoqqa borayotganimizni, kimligimizni ham bilarsan?
— Ha.
— Asadbekni eshitgansan-a? Odamlar har xil gaplar toʻqib yurishadi. Oʻsha gaplarga ishonasanmi?
— Gaplar koʻp-ku, qaysi birini aytasiz?
— Masalan... — Chuvrindi bir oz oʻylandi. — Masalan... odam oʻldirishga.
— Ishonsam ham boʻladi, ishonmasam ham.
— Bu nima deganing?
— Ishonsa boʻladi, deganimki, odamlar oʻlib turibdi, yoʻqolib turibdi. Kimlardir qilyapti bu ishlarni. Asadbek qachondir...
— U senga Asadbek emas, oʻrtogʻingmi Asadbek, deysan?! Bek aka, deb ayt!
— Xoʻp... Bek aka qachondir odam oʻldirtirgan boʻlsalar, bas, boʻrining ogʻzi baribir qon-da. Agar meni oʻshanda oʻldirib yuborishganda, balki buni ham odamlar Asadbek akadan koʻrarmidilar.
— Endi ishonmasligingni ayt.
— Ishonmasligimki, oʻz koʻzim bilan koʻrmaganman. Men hammaning gapiga ishonaveradigan laqma emasman.

«Durustsan, bola», deb qoʻydi Chuvrindi.
— Agar senga odam oʻldirishni topshirsak-chi, bajarasanmi?
— Yoʻq.
— Javob berishga shoshilma. Avval oʻylab koʻr.
— Oʻylasam-oʻylamasam javobim bitta.
— Biz bilan birga boʻlgan kishi buyruqni bajarmasa oʻyindan chiqqan hisoblanadi. Oʻyindan chiqdimi, demak, u xoin. Xoinning jazosi esa...
— Oʻlimmi?
— Boshqa jazolar ham bor.
— Baribir odam oʻldirmayman.
— Qiziq... agar nomusingga tegadigan ish boʻlsa-chi, unda ham oʻldirmasmiding?

Halimjon javob qaytarmadi. «Agar qizga yetisha olmasam ularni oʻldiraman», deb ont ichgan edi. Ammo qasamni amalga oshirishga qudrati yetadimi, yoʻqmi — aniq bilmasdi.
— Men bir narsa soʻraganimda darrov javob ber.
— Bilmadim... Har holda oʻldirishga harakat qilardim. Yoki...
— Nima yoki? Fikringni yashirma.
— Yoki... oʻzimni oʻldirardim...

Chuvrindi kuldi:
— Bu yigitning gapi emas! Yigitning nomusi toptalsa oʻch olishi shart. Oʻchning sharti bir — oʻlim! Oʻch ololmay oʻzini oʻldiradigan odam yigit emas, hajiqiz! Bilib qoʻy, bunaqa gapingni boshqa eshitmay.

Mashina uch qavatli bino qarshisida toʻxtaganida Halimjon «nima uchun bu yerga keldik?» deb ajablanib, Chuvrindiga qaradi. Halimjon bu yerga talaba doʻstlari bilan bir necha marta kelgan, uchinchi qavatdagi yigʻilishlarda ishtirok etgan, otashin nutqlarni eshitgan edi. Doʻstlari otashnafas nutqlardan toʻlqinlanib, qarsaklar chalishganda u taajjublangan. Bir kuni doʻsti:
— Gaplarini eshitdingmi, zoʻr u odam! — deb hayajonlanganida u:
— Bunaqa gaplarni televizorda ham, choyxonada ham ming-ming odam gapirib yotibdi. Kesakdan olov chiqqanday hovliqasan-a? Bu odaming zoʻr alkashga oʻxshaydi. Hozir bu yerdan chiqib shotirlari bilan yuzta-yuzta otadi. Gaplari esidan ham chiqib ketadi. Mingta gapirgandan koʻra, bitta ish qilsin, qoyil boʻlay, — degandi.

Oʻrtogʻi esa undan ranjib: «Xalq fidoyilarini tushunmasang, bu yerga boshqa kelma», dedi. Halimjon ham: «Agar xalq fidoyilari shunaqalar boʻlsa, xalqning shoʻri qurigan ekan. Bu yeringga kelmadim ham, koʻrmadim ham, kuymadim ham», deb oyogʻini tortgan edi. Oʻshandan beri bu binoga yaqin kelmayotgan edi. Hozir mashina toʻxtagandagi taajjubi shundan.

Halimjonning qimirlamay oʻtirishini koʻrib Chuvrindi «Tushmaysanmi?» dedi-da, pastga olib tushuvchi zina sari yurdi. Halimjon taajjubdan qutulmagan holda unga ergashdi.

Chuvrindi Boʻtqaning salomiga alik olib, toʻgʻridagi eshikni ochdi. Halimjon unga ergashmoqchi edi. Boʻtqa yoʻlini toʻsib yon eshikni ochdi.
— «Bu qanaqa joy? Shularning idorasimi? Qiziq, yuqorida boshqa gap, pastda boshqa ish. Toza topishgan ekan», deb oʻyladi Halimjon.

Halimjonni yarim soatdan soʻng chaqirishdi. Unga qadar xos xonada Asadbek avval Krasnoyarga borish maslahatini qildi. Soʻng Chuvrindi Halimjon haqida bilganlarini gapirib berdi.
— Oldin obdan sinash kerak edi, — dedi Kesakpolvon. — Toʻgʻri boshlab kelganing chakki boʻlibdi.
— Sinashning hojati yoʻq. Uni qarzdor qilib qoʻyganmiz. Toʻgʻrisoʻz bola ekan, menga shunisi yoqdi.

Chuvrindining shu qat’iy xulosasidan soʻnggina Halimjonni chaqirdilar.

Koʻrinishidan chayir boʻlgan yigitning xonaga kirib kelishi, salom berishi Asadbekka yoqdi. Uning qaerinidir Jamshidga oʻxshatib yuragi gʻalati boʻldi.

Halimjon oʻzi uchun notanish boʻlgan ikki kishiga bir-bir qarab olib, «qaysi bir Asadbek ekan?» deb oʻyladi. Chuvrindi uning oʻyini oʻqiganday oʻtirganlarni tanishtirdi:
— Bek akam, — deb Kesakpolvonni koʻrsatdi. Soʻng Asadbekka qaradi: — Haydar akam.

Halimjon jilmaydi.
— Ha, nimaga ishshayyapsan? — dedi Kesakpolvon, zarda bilan.
— Uzr, — dedi Halimjon. — Men bu kishini Bek akamikinlar, deb oʻylabman.
— Nega shunday deb oʻylading? — dedi Chuvrindi.
— Koʻrinishlari, qarashlari, oʻtirishlari boshqacha. Savlatlari bor.
— Boshqacha deganing nimasi?
— Nima desam ekan... — Halimjon oʻylanib turib Asadbekka tikildi. Soʻng Kesakpolvonga qaradi: — Siz xafa boʻlmang, Bek aka, bu kishida boshqacha viqor bor...

Kesakpolvon gʻijindi. Chuvrindi esa kulib qoʻydi.
— Toʻgʻri topding. Bek akam bu kishi.
— Odam ajratishni-ku, bilarkansan, tashqaridagi akang bilan solishsang, eplaysanmi? — deb soʻradi Kesakpolvon. — Yo hebbimga oʻxshab tagiga tushib yotib olasanmi?

Halimjon uning kimni nazarda tutayotganini fahmladi-da, yelkasini qisdi.
— Qoʻrqasanmi?
— Qoʻrqishga-ku, qoʻrqmayman. Lekin sinamagan odamimga bir nima deyishim qiyin. Xudo xohlasa boʻsh kelmasman.
— Oʻzingga ishonmaysanmi?
— Oʻzimga ishonmasam, sizga roʻpara boʻlmas edim.
— Hozir chiqib pachaqlab tashla, desak bajarasanmi?
— Vaziyatga qarayman. Sinash uchun aytsangiz bajarmayman. Zarur boʻlsa, boshqa gap.
— Demak, oʻylab koʻrasan, shundaymi? Aqling shunaqa koʻpmi?
— Oʻzimga yetarli bordir, deyman.
— Men bilan shunday gaplashgani qoʻrqmaysanmi? Jahlim chiqsa shartta otib tashlashim mumkin-ku, a?
— Jahlingizni chiqaradigan gap aytmadim-ku? Siz soʻrayapsiz, men javob beryapman. Javobim yoqmasligini bilsam ham toʻgʻrisini aytyapman. Sizga yaxshi koʻrinish uchun boshqacha gapirolmayman.

Asadbek Kesakpolvon bilan Halimjonning savol-javobini diqqat bilan tingladi. Javoblardan yetarli qoniqish hosil qilib oʻrnidan turgach, Halimjon gapdan toʻxtadi. Asadbek tashqariga chiqmoqchiday eshik tomon yurdi. Ammo Halimjonning yonidan oʻtayotganida keskin burildi-da, uning jagʻiga musht tushirmoqchi boʻldi. Sergak turgan Halimjon oʻzini chetga olishga ulgurdi. Asadbek ikkinchi marta urmoqchi boʻldi, bu safar ham yigit chap berdi. Kutilmaganda Kesakpolvon oʻrnidan sapchib turdi-da, uning qarshisida yashin tezligida paydo boʻlib, tepdi. Biroq, oyogʻi moʻljalga yetmay, muvozanatini yoʻqotib, yiqildi. Halimjon bularning qiligʻini tushunmay, oʻzini devor tomonga olib, mushtini tugib, himoyaga shaylandi.

Kesakpolvon oʻrnidan turib yana tashlanmoqchi boʻlganida Asadbek uning yoʻlini toʻsdi:
— Chiranma, yetadi, — deb Halimjonga yaqinlashdi-da, yelkasiga urib qoʻydi. — Qani, oʻtir.

Kesakpolvon mulzam boʻlganini sezdirmaslik uchun Asadbekning qiligʻini qaytardi: yigitning yelkasiga asta mushti bilan urib «durust» deb qoʻydi.

Hamma joy-joyiga oʻtirgach, Asadbek Halimjonga qarab dedi:
— Sen hozircha Haydar akang bilan birga boʻlasan. Bizning ishimiz ham nozik, ham xatarli. Biz bilan birga boʻlsang, faqat himoyani oʻylamay, hujumga shay turishing kerak. Bizning ishimiz faqat hujum bilan bitadi. Hozircha shuni bilsang bas. Qolganini keyin gaplashamiz. Aqling borligi yaxshi, ammo biz aytgan ishni soʻzsiz bajarishing kerak. Aql bizda ham bor. Bir ish buyurishdan oldin oʻylaymiz biz ham. Kunimiz odam urishu oʻldirish bilan oʻtmaydi. Endi boraver, ertaga seni oʻzimiz topamiz.
— Bek aka, yuragimni qon qilib yurgan bir gapim bor, aytib olay?
— Ayt.
— Men oʻtgan yili aeroportda tirikchilik qildim. Bilet olib-sotdim. Kassir qiz bilan chiqishib qolgan edim. Menga uydan pul kelmaydi, aravamni oʻzim tortishim kerak. Besh-oʻn soʻm ishlab turuvdim. Bir yigit «bu yerdan tuyogʻingni shiqillat» dedi. Aeroport kimga qarashini bilasiz, a? Men ham oʻshanda bildim. Agar oʻzbek kelib «bu joyga burningni suqma» desa, Xudo ursin, boshqa qadam bosmasdim. Unga boʻsh kelishni istamadim. Yana ogohlantirdi. Uchinchi marta toʻrt kishi boʻlib kelib urmoqchi boʻldi. Toʻrttalasining jagʻini yorib, keyin oyogʻimni uzdim. Bu qanaqasi, Bek aka, oʻzbek oʻz yurtida oʻz rizqini terib yura olmasa? Sizlar bilib turib nimaga indamaysiz? Siz uning yurtiga borib shunday xoʻjayinlik qila olasizmi? Bir kun... yoʻq, bir soat ham qoʻyishmaydi.
— Boʻldi, tushundim maqsadingga. Har ishning vaqti-soati bor. Hozir ular bilan olishishning vaqti emas. Toʻgʻri, urinsak, ularga bemalol kuchimiz yetadi, lekin ularni suyab turgan togʻ bor. Buni oʻzing keyinroq tushunib olasan.

Asadbek gap tamom, degan ishora qilgach, Halimjon chiqdi.

2

Asadbek Krasnoyarga nima maqsadda ketayotganini aytgach, Jalil «men ham boraman» deb qoldi. Aslida Asadbek uni mazkur safarga taklif etmoq uchun uyiga borgan, «toʻgʻridan-toʻgʻri aytsam, bobillab bermasin», deb gapni uzoqdan boshlagan edi.

Tayyora yerdan koʻtarilgach, uning birga ketayotganidan quvondi. Harholda, bu safar bolalik xotiralari bilan bogʻliq. Bolalik xotiralari Jalilsiz toʻkis boʻlarkanmi? Jalil ham, Asadbekning oʻzi ham otasini yaxshi eslashmaydi. Urushga ketayotganida goʻdak edilar. Qaytgach esa, uzoq vaqt birga boʻla olmadi. Diydoriga toʻymay yana ayirdilar.

Otasi oʻlmagan kim bor... deganlaridek, hamma ham qachondir yetim qoladi. Ammo ota diydoriga toʻymay yetim qolishning armoni boʻlakcha. Ota qabrining boʻlmasligi yana yomon... Nihoyat bir yomonlik chekinganday boʻldi. Uzoq yerlarda boʻlsa ham qabr mavjud ekan. Asadbek shunga shukr qilib boradi.

Tayyora bekasi yoʻlovchilarni shirin suv bilan siylagach, Jalil choʻntagidan qogʻoz chiqardi-da, pichirlab oʻqiy boshladi. Asadbek uning qayta-qayta oʻqishidan nimanidir yod olayotganini fahmladi. Hozir u suhbatlashib ketishni istayotgan edi. Shu bois

Jalilning bu tarzda oʻtirishiga uzoq toqat qilolmadi:
— Nima oʻqiyapsan?
— Janoza duosini yodlayapman, — dedi Jalil, qogʻozdan koʻz uzmay.
— Shu paytda yodlaging kelib qoldimi?
— Yetgunimizcha yodlab olishim kerak. Adangga janoza oʻqiymiz. Domladan soʻradim, keyin oʻqisa ham boʻlarkan. Hoynahoy sen qabrga gul qoʻyarsan, musulmonchilikka sening aqling yetmaydi.

Chindan ham aqli yetmadi. Buni oʻylab ham koʻrmabdi. Murdani koʻchirishni istabdi-yu, bu xayoliga kelmabdi. Murdani koʻchirish ham orzuligicha qoldi. Chuvrindi Sobitxon qoriga uchrab, maslahat solganida u qat’iy ravishda «bezovta qilmanglar» dedi. Agar Sobitxon qori «koʻchirib koʻminglar» deb fatvo berganida Chuvrindi ham otasining jasadini qabristonga koʻchirmoqchi edi. Qoridan qat’iy rad javobini olgach, oʻz dardini dasturxon qilib oʻtirmadi. Hozir ikki doʻstning qisqa suhbatini eshitib, yana oʻz otasini esladi. U «men ham janoza oʻqitib qoʻysam boʻlarkan», deb oʻyladi-yu, buvisining:«Kuta-kuta toʻrtinchi yili bolamga aza ochdik, bobong masjidga chiqib yoʻq oʻlikka janoza oʻqittirdi», degan gaplari yodiga tushdi.

«Janozani-ku, kech boʻlsa ham oʻqitishgan-a, koʻmish-chi? Kafanlab koʻmishganmikin? Yo qoʻrquvda, shoshilinchda ikki buklab koʻmib qoʻya qolishganmikin?» Shu fikr xayoliga keldi-yu, onasidan, togʻasidan, uning otasidan yanada battar nafratlandi. «Bek akam bir armondan qutulyaptilar. Otalarining soʻnggi makonini topadilar. Qabrda yotgan otalari bilan xayolan boʻlsa ham gaplasha oladilar. Men-chi? Men qayoqqa boraman? Qanday gaplashaman? Yigʻlagim kelsa qaysi qabrning tepasiga borib yigʻlayman? Bek akam-ku, otalarini oz boʻlsa ham koʻrganlar. Quchganlar, oʻpganlar... Men-chi?.. Na ota hidini bilaman, na ona isini... Bek akam oʻch olishga ulgurdilar, picha boʻlsa-da, xumordan chiqdilar. Men-chi? Kimdan oʻch olaman, oʻsha chollardanmi? Umr boʻyi qoʻrquvda, titroqda yashagan bu chollarni oʻldirib nima baraka topdim? Sirlari oshkor boʻlganini bilib, oʻlmay turib oʻlishdi, pichoqsiz soʻyilishdi...»

Boshini suyanchiqqa qoʻyib, koʻzlarini yumib olgan Chuvrindi mana shularni oʻylardi.

Asadbek yana bir gap aytsa, Jalilning portlab ketishi mumkinligini bilib, jim boʻla qoldi. Begona odamlar orasida Jalilga ortiqcha gap aytgan odamning sharmanda boʻlishi tayin.

«Mayli, duosini yodlayversin, janoza oʻqigisi kelsa, oʻqisin. Domla oʻqish kerak, deb bejiz aytmagandir. Oʻqib qoʻygani durust. Oʻqimasa nima boʻlarkin? Jannatga tushmasmikin? Nega tushmaydi? Bu dunyoni azob bilan oʻtqazgan, birovga yomonlik qilmagan boʻlsa?.. Gunohni qilib yura-yura oʻlganida janoza oʻqib qoʻyilsa, toʻgʻri jannatga tushaversa?.. Qiziq...»

Asadbek, garchi mahallasidagi masjid qurilishiga homiylik qilayotgan boʻlsa-da, islom ilmi, shariat hukmi degan tushunchalardan nihoyatda yiroq edi. Uning nazarida marhum lahadga qoʻyilishi bilan toʻgʻri jannatga yoki doʻzaxga yoʻl oladi. Asadbek qiyomat, undagi hisob-kitob, nomai a’mol, Rasullullohning shafoati kabi gaplarni eshitmagan, eshitgan boʻlsa ham uqmagan bandalardan edi. Shu sababli otasiga jannatdan joy tayin etish uchun janoza oʻqib qoʻyish albatta zarur, degan qarorga keldi. Shunga aqli yetgan doʻstini quchib olgisi keldi. Lekin bunga jur’at etmadi. Chunki u Asadbek, doʻsti esa Jalil, ya’ni ikkovi ohanraboning ikki qutbi edi.

Shu onda kuragida qattiq ogʻriq turib, ingrab yuborganini oʻzi ham sezmadi. Koʻzlari yumuq boʻlsa-da, oʻzi ziyrak yotgan Chuvrindi boshini koʻtardi.
— Bek aka, nima boʻldi? Mazangiz qochdimi?
— Kuragim shamolladimi, deyman. Sanchiq turdi. Ezib qoʻysang-chi...

Asadbek shunday deb engashdi. Chuvrindi uning yelkalarini uqaladi. Ogʻriq zoʻrayib, Asadbek qaddini rostladi.

Chuvrindi tayyora bekasini chaqirib, suv soʻradi. Asadbek suv ichgach, suyanchiqni tushirib, ogʻriyotgan kuragini tirab yotdi.

Krasnoyarga yetganda tayyora togʻday boʻlib turgan qoʻngʻir bulutlar orasini yorib kirib, titray boshladi. Yoʻlovchilar oʻzlarini tayyorada emas, shagʻal yotqizilgan yoʻlda ketayotgan eshak aravada xis qildilar. Xasta odamlarning dardi qoʻzib, tayyora bekasi tinchini yoʻqotdi. Tayyora barchani behalovat qilib qoʻydi.

Shahar osmonini bulut qoplagan, salqin shamol esib turardi. Bir necha soat ilgari jaziramadan noligan odamlar endi salqinda qunishib turishardi.
— Asad, — dedi Jalil junjikib, — bitta taksi toʻxtatib, boradigan joyimizga joʻnavoraylik.

Asadbek unga qarab «xoʻp», deb kulimsirab qoʻydi. Koʻnglidan esa boshqa gap oʻtdi: «E nodon bola, sen Asadbekni kim deb yuribsan? Hammaga oʻxshab xurjunini osiltirib, taksiga qoʻl koʻtarib yursa Asadbek boʻlarmidi? Dunyodan goʻlligingcha oʻtasan shekilli, sen bola. Hozir «bu yerlarda taksi boʻlmaydi, yayov ketamiz», desam ishonarmikinsan? Ke, qoʻy, yana shallaqiliging tutib qolmasin...»

Jalilning chindan ham soddaligi bor edi. Sodda boʻlmaganida ogʻaynisining koʻzga koʻrinmas, ammo oʻziga xos kichik bir mamlakat podshosi ekanini, bunday podshohlik har bir yurtda mavjudligini fahm etgan boʻlardi. Rosmana yurt egalarining bordi-keldilari, rasmiy kutib olish, muzokaralaridagi as’asayu dabdabalarni televizorda hamma koʻradi. Pinhoniy yurtchalarning podshochalari uchrashuvida ham izzat-e’tibor zoʻr boʻladi, pinhoniy yurtchalarning bu ishlari ham pinhoniy kechadi. Katta mamlakat rahbari boshqa mamlakatga borishdan avval oʻnlab, balki yuzlab mutaxassislar oʻzaro uchrashib, koʻriladigan masalani tayyorlaydilar. Xuddi shu kabi Chuvrindining yigitlari ham bu yerga uch kun avval kelishgan, Bek akalarini lozim darajada kutib olish tadorigini koʻrishgan. Shubhasizki, Jalil bundan bexabar, shu bois ham taksiga tushish istagini bildirgan edi.

Yoʻlovchilarning aksari jomadonlarini olmoq uchun yukxonaga qarab yurdilar. Ular esa tayyoragohning keng zaliga burilib, yoʻlni tashqari maydon sari oldilar. Chuvrindi bu yerga avval ham bir-ikki kelgani uchun qayoqqa yurishni yaxshi bilardi. Zalni kesib oʻtib, koʻchaga chiqay deyishganda ust-boshi uringan, koʻzlari hadik bilan olazarak boquvchi askar yigit Jalilga yaqinlashib, oʻzbekchalab salom berdi.
— Ha, ukam, xizmatlar qalay? — dedi Jalil, salomga alik olgach.
— Juda zarur gapim bor, — dedi yigit, atrofiga alanglab olib.

Jalil toʻxtadi-da, «nima gap?» deganday orqasiga oʻgirilgan Chuvrindiga:
— Hozir orqalaringdan yetib olaman, — dedi.
— Koʻchada turamiz, hayallamang, — dedi Chuvrindi.
— Ha, ukam, pul-muling tugab qoldimi? — deb soʻradi Jalil yigitdan.
— Juda zarur gap bor, yuring, yoʻq demang, iltimos. Doʻppingizni koʻrib, Hizir buvani koʻrganday quvonib keldim oldingizga, — yigit shunday deb yoʻl boshladi.

Jalil: «Bu yogʻi qiziq boʻldi-ku, bola paqirning ishi chatoqqa oʻxshaydi», deb unga ergashdi. Askar yigit yoʻl osti yoʻlagi orqali yurib yuk saqlanadigan xona ortiga oʻtdi. Nimqorongʻi burchakda yana ikki askar yigit oʻtirardi. Ular oʻrinlaridan turib salom berishdi. Ularning zaif, titroq ovozlari ahvollari nochor ekanidan dalolat berardi.
— Senlarga nima boʻldi, nimaga bu yerda biqinib oʻtiribsanlar? — dedi Jalil ajablanib.
— Ikki kundan beri shu yerdamiz. Ochmiz. Uyga ketolmayapmiz.
— Nima balo, qochdilaringmi?
— Qochdik... Boshqa iloj qolmadi. Qochmasak oʻlardik.
— Nega?
— Fargʻonada oʻzbeklar turklarni qirgan ekan. Shundan beri «uzbek basmach» deb bizga kun berishmaydi. Turtkilashadi, urishadi, «vahshiy itsanlar» deb haqorat qilishadi.
— Komandirlaringga aytmaysanlarmi?
— Aytdik. «Qoʻlimizdan hech nima kelmaydi» deyishdi. Qoʻshni qismda bir bolani urib oʻldirishdi. Uch kun oldin bizni yomon urishdi. Anavi ogʻaynimning koʻkragiga tepishibdi. Qovurgʻasi singanga oʻxshaydi. Ogʻrigʻiga chiday olmayapti.

Yigit shu soʻzlarni aytib, umidvor koʻzlari bilan tikildi.
— Bizni tashlab ketmang, amaki, yordam bering, — dedi koʻkragini ushlab oʻtirgan askar zaif ovozda.
— Gapingni qara, ukam, senlarni tashlab qayoqqa ketaman. Toʻxta, nima qilishni oʻylab olay.

Oʻylagani bilan tayinli fikrga kelolmadi.
— Patrulning qoʻliga tushsak, hammamiz ketamiz, — dedi boyagi zorli ovoz.
— Yigʻlama, ukam, har qanday sharoitda ham yigʻlama, sen erkaksan, erkakka oʻxshab gapir. Endi gap shu: qimirlamay turlaring. Sheriklarim bilan maslahatlashib kelaman.
— Kechadan beri ikki kishi shunday deb ketdi, — dedi boshlab kelgan yigit.
— Menga qara, ukam, men unaqalardan emasman. Doʻppimni koʻrib ishonib keldingmi, endi shu ishonchingda tur.

Jalil shunday deb tez-tez yurganicha iziga qaytdi.

Koʻchada Asadbek bilan Chuvrindi kulrang kostyum kiygan, qizil galstuk taqqan, koʻrinishi kibor, qirq yoshlardagi bir odam bilan gaplashib turardilar. Jalil yaqinlashishi bilan Asadbek uni «qadrdon doʻstim», deb tanishtirdi. Kibor esa soxta jilmayish bilan unga qoʻl uzatdi-da:
— Kozlov, Aleksey Petrovich, — deb oʻzini tanitdi.
— Shu yerlik qadrdonlardan, — deb izoh berdi Asadbek.
— Asad, jiddiy gap bor, — dedi Jalil, uning izohiga e’tibor bermay.
— Keyinroq gaplashsak boʻlmaydimi? — dedi Asadbek noxush tarzda.
— Yoʻq, eshit, — Jalil shunday deb koʻrganlarini bayon qildi. — Tashlab ketsak bolalar uvol boʻladi. Ahvolini koʻrsang, yigʻlab yuborasan. Yur, oʻzing borib koʻr ularni.

Asadbek «buyogʻi qandoq boʻldi?» deganday iyagini qashidi. Soʻng Chuvrindiga qaradi:
— Mahmud, borib kela qol. Pul-mul ber.
— Odammisan oʻzing! — dedi Jalil zarda bilan. — Oʻzing borsang, moyaging uzilib tushadimi?!
— Baqirma. Nima kerak boʻlsa Mahmud eplashtiradi. Sendan bitta iltimos, bu odam oldida bilib muomala qil, sharmanda boʻlib ketmaylik. Uyda har qanday zardangni, soʻkishingni koʻtaraman. Bu yer oʻrni emas. Izzatni bilish kerak.

Kozlov ularni muhim bir narsa tashvishga solayotganini sezib, gapga aralashdi:
— Asad, nima gap, ayt menga?

Asadbek Jalildan eshitganlarini qisqa holda bayon qildi.
— Mahmudning borishiga hojat yoʻq. Oʻsha yigitlarni uchirib yuborish kerakmi? Noʻ problem! — Kozlov shunday deb toʻrt-besh qadam narida turgan basavlat yigitlar sari yurdi-da, ularga nimadir deb uqdirdi. Ulardan ikkitasi shu zahoti ichkariga qarab yurdi. Kozlov esa Asadbek yoniga qaytdi: — Shu samolyotda uchirib yuborishadi. U yoqda kutib olishni tashkil qilish kerak. Patrul u yoqda ham bor.
— Telefon qilib deputatga tayinlayman, — dedi Mahmud Asadbekka qarab. Asadbekning peshonasi tirishdi:
— Kerakmas. Uning gʻalva koʻtarishga bahona topolmay yuradi. Haydarga ayt. Bolalarni kutib olib, uy-uyiga yetkazsin. — Asadbek Jalilga qaradi. — Koʻngling oʻrniga tushdimi?
— Men kuzatib kelay. Har holda... ishonchlimi bularing?
— Maydalashma. Biz sening hukumatingga oʻxshab ikkita gapirmaymiz.

Ular Kozlovning taklifi bilan mashinalarga oʻtirdilar. Jalil taksi haqidagi gapini eslab, «Bularni ham oʻzimga oʻxshagan odam debman-da», deb soddaligidan kulib qoʻydi.

Ularni shahar tashqarisidagi oʻrmon bagʻriga joylashgan xos mehmonxonaga olib bordilar. Daraxtlar panasidagi ikki qavatli yogʻoch uy uncha koʻzga tashlanmas edi. Uyning orqa tomonidagi qizlar bilan gavjum boʻlguchi hovuz havo salqinligi tufayli bugun boʻsh. Shodon qiyqiriqlar ham eshitilmaydi. Uy yogʻochdan boʻlgani bilan ichkarisi shohona bezatilgan edi.
— Yogʻoch uyga olib keldi, deb ensang qotdimi, Asad, — deb kuldi Kozlov. — Uy pishiq gʻishtdan. Ekzotika uchun old tomoniga yogʻoch qoplatganman. Rusning uyi ekani bilinib tursin.

Mehmonxonada zoʻr ziyofat uchun hozirlik koʻrib qoʻyilgan edi. Kozlov koʻrsatgan oʻrinlarga oʻtirishgach, Jalil kolbasa solingan likopchani Asadbek tomonga surib qoʻydi. Uning bu harakati Kozlovning ziyrak nigohidan chetda qolmadi.
— Choʻchqa yemasliklaringni bilaman. Bu yerdagi hamma narsa mol goʻshtidan, yeyavering, — dedi u kulimsirab.
— Baribir choʻchqa yogʻi solinadi, — dedi Jalil boʻsh kelmay.
— Qiliq qilmay, ana qaynatilgan goʻshtdan yeyavermaysanmi? — dedi Asadbek achchiqlanib.
— Goʻsht ham yemayman. Shu kolbasa kesilgan pichoqda kesishgan. Baribir harom.
— Kechagina aroqni boʻkib ichib, doʻppingga qusib yuruvding. Endi haromni ajratadigan boʻlib qoldingmi?
— Sen oʻzingni bil, — Jalil shunday deb bir burda non sindirib ogʻziga soldi. — Men senga oʻxshab ziyofat yeb oʻrganmaganman. Non ham boʻlaveradi.
— Nonni ham shu pichoqda kesishgan.

Bu gapni eshitib Jalil chaynagan nonini yutishni ham, tashlashni ham bilmay qoldi.
— Yut, yutaver, sendaqa mulladan oʻrgildim.

Asadbek shunday degach, ajablanib qarab turgan Kozlovga izoh berdi:
— Oshnam mullalardan. Tandirdan kechagina uzilgan xilidan.

Kozlov buni hazil deb tushunib kuldi.

Davrada Kozlovning yigitlaridan hech biri ishtirok etmadi. Ovqatlanib boʻlishgach, yumshoq oʻrindiqlarga oʻtib oʻtirishdi.
— Sen, Asad, anarxist ekansan. Gorbach hammaga demokratiya berdi-yu, qayta qurish senga yetib bormabdi. Yigitlaring hech bir narsani oʻzicha hal etolmaydi. Vinoni tsisternada yuborishni tashkil qilinglar, desam, avval Bek akamdan soʻraylik, deydi. Zoʻr pushkalar bor, desam...

Gap shu yerga kelganda Asadbek yoʻtalib qoʻydi-da, Chuvrindiga qaradi. Bu qarashning ma’nosini tushungan Chuvrindi Jalilga gap aytmoqchi boʻlib ogʻiz juftladi, ammo ulgurmadi. Jalil oʻrnidan turdi-da:
— Yoʻtalni ham ezvording. Yoʻtalishni bilmasang, oʻzingni qiynab nima qilasan, chiqib hovuzda choʻmilib kel, degin, yomgʻirda choʻmilishning mazasi boshqacha boʻladi, — deb eshik sari yurdi. Chuvrindi yolgʻiz oʻzining chiqishi noqulay boʻlmasin, deb ergashgan edi, Jalil orqasiga oʻgirilib, toʻngʻilladi: — Menga dumning keragi yoʻq. Gaplaringni gaplashib olaverlaring.
— Jalil mening eng qadrdon doʻstim. Lekin bizning ishlarimizdan nihoyatda uzoq. Uning hayoti boshqa, — dedi Asadbek.

Asadbekning «eng yaqin doʻstim boʻlsa ham uning oldida sir aytma», demoqchi ekanini Kozlov tushundi.
— U qaerda ishlaydi? — deb soʻradi Kozlov.
— Aniq bilmayman, qaerdadir ishchi.
— Yoningga olmagan ekansan-da?
— Bunaqa oʻjar dunyoda bitta. U bu dunyoda halol mehnat bilan kun koʻrish mumkinligini isbot qilmoqchi.
— Oshnang bitta emas, bunaqalar hammayoqda toʻlib-toshib yotibdi. Gorbach aytyapti-ku, hamma narsani oʻz nomi bilan aytish kerak. Bularning nomi — AHMOQ! — Kozlov shunday deb kuldi. — Xullas, yigitlaring keldi-yu, ketdi. Hech nima hal boʻlmadi. Men sizlardan xafa emasman. Oramizdagi ish puxta, halol boʻlyapti. Lekin bir yigiting bizni goʻl qilib ketdi. Esingdami, sen uni oʻn yilcha oldin yuborgan eding. Qarab turdik, xor qilmadik. Lekin ketishda hammamizga tupurib, ancha narsani oʻmarib ketibdi. Orqasidan odam yuboray dedimu, senga malol kelmasin, dedim.

Chuvrindi gap Shilimshiq haqida ketayotganini bilib, suhbatga qoʻshildi:
— Aleksey Petrovich, odam yubormaganingiz yaxshi boʻlibdi. U tinchidi. Xizmatiga yarashasini oldi.
— Yigitlarga tayinlab qoʻyish kerak: bunaqa qiliq jazosiz qolmaydi. Men bu yerda yashaganim bilan qoʻlimni uzatsam Oʻzbekistonga, kerak boʻlsa undan nariga yetadi, shunday emasmi, Asad?

Kozlovning keyingi gapi Asadbekka sal malol keldi. Shu bois gapni boshqa yoqqa burdi:
— Yaxshi. Takliflaringni ayt. Sisternani oʻylab koʻramiz.
— Pushkadan olinglar. Ortiqchasi zarar qilmaydi.
— Hozircha yetarli, bor.
— Asad, sen ertani koʻrmayapsan. Ertaga yetarli boʻlmay qoladi. Zoʻrlari bor. Senga ilinyapman. Xitoy tomondan qora dori...
— Yoʻq, — dedi Asadbek qat’iy, — bu ishlarga oʻzing ham aralashma, bizni ham aralashtirma.

Asadbekning kuragida ogʻriq qoʻzgʻalib, aftini bujmaytirdi.
— Nima boʻldi? — deb soʻradi Kozlov.
— Kuragimni shamollatdim shekilli, — dedi Asadbek.
— Noʻ problem! Moment tuzatamiz. Tur oʻrningdan. Bunaqa kasalning davosi massaj!

Kozlov uni ikkinchi qavatdagi yotoqxonaga boshladi. Dam oʻtmay u xonaga oq shoyi xalat kiygan xushbichim qiz kirdi.

3

Kozlov aytgan massaj foyda bermadi, aksincha ogʻriqni zoʻraytirib, isitma chiqardi. Borajak manzillari Krasnoyardan qariyb toʻrt yuz chaqirim narida edi. Kozlov mehmonlarni urintirmay olib borib kelish choralarini koʻrib qoʻygan boʻlsa-da, Asadbekning ahvolini bilib, «safarni kechiktirsakmikin?» dedi.
— Piyoda yurmasam, yelkamda bir qop yuk boʻlmasa, mashinada boramizu kelamiz, — dedi Asadbek, oʻzini jilmayishga majburlab.

Bu jilmayish niqobi ostida ogʻriq azoblari yashirin ekanini barchalari sezdilar.

Asadbek goʻdak emaski, uni avrab, nasihat qilib yoki aldab koʻndirish mumkin boʻlsa.
— Yoʻlda kraykomning statsionari bor. Birrov kirib chiqamiz, — dedi Kozlov mulohazalarga yakun yasab.

Kozlov «statsionar» deb atagan joy kasalxonani emas, shohona dam olish uyini eslatardi. Eng kamida raykomning ikkinchi kotiblarigagina nasib etuvchi bu koshonaning kattalari Kozlovni yaxshi tanir edilar. Uning birgina imosi bilan Asadbek atrofida parvona boʻla boshlashdi. Asadbek bu yerga kirishda «isitmamni oʻlchab dori berishar», deb oʻylagan edi. Qon tarkibini tekshirishdan tortib yurak urishigacha tekshirildi, hatto rentgen xonasiga ham kirib chiqdi.
— Bu yer shunaqa «TO-2»1, — dedi Kozlov kulib.

Tekshirishlar tugagach, Kozlovni izzat bilan kutib olgan kishi uni chetga tortib, dedi:
— Bu oddiy shamollashga oʻxshamay turibdi. Emlab qoʻydik, isitmasi tushadi. Ammo kechga borib yana koʻtarilishi mumkin. Uch-toʻrt kun shu yerda yotsa, yana yaxshilab tekshirib, uzil-kesil bir xulosaga kelar edik.
— Hozir bir joyga ketyapmiz. Qaytishda kiramiz. Har holda, ertaga qaytsak kerak. Bitta lyuksni tayyorlab qoʻyavering. Doridan bering, isitmasi koʻtarilsa oʻsha yerda hamshira topilar.

Yarim soatlardan soʻng dori ta’sir qilib, Asadbek oʻzini yengil his etdi. U oldingi oʻrindiqda, suyanchiqni pastlatibroq yotib borardi. Koʻzi ilinib oʻn-oʻn besh daqiqa mizgʻidi-yu, uygʻonib, oʻzini avvalgidek tetik sezib, qaddini koʻtardi.
— Qalay? — dedi Kozlov, uni yelkasidan ushlab. — Tuzukmisan? Ranging yaxshi.
— Dardni bergan Olloh shifosini ham oʻzi beradi, — dedi Jalil Asadbekning oʻrniga javob qaytarib.
— Umuman, toʻgʻri gap aytding, — dedi Kozlov, — Xudo xohlamasa Xristos2ning jiyani boʻlsang ham hech nimaga erisha olmaysan. Men buni amalda koʻp sinaganman. Men Xudoga ishonaman, lekin ibodat qilmayman, shunisi chatoq. Bilasanmi, Jora...
— Men Jora emasman.
— Jora boʻlmasang Jenyadursan?
— Men Jalilman. Otam rahmatli shunaqa ism qoʻygan, — dedi Jalil oʻjarlik bilan.
— Ha, Jalil, uzr, esimdan chiqibdi, —dedi Kozlov kulimsirab, — Asad, shu oʻrtogʻing menga yoqdi. Toʻgʻri odam ekan. Bunaqa odamni Gorbachga roʻpara qilish kerak. Qani bir qayta qurib koʻrsin-chi...
— Ogʻaynimning koʻnglida kiri yoʻq, gaplaridan xafa boʻlma, — dedi Asadbek uning hazilidan kulib.
— Xafamasman, chin aytyapman. U menga yoqdi. Shunaqa odam bilan razvedkaga bemalol borishim mumkin.
— Men esa bormayman, — dedi Jalil.
— Nimaga endi? Yashirmay aytaver, nimaga?
— Sizlar pulga oʻrgangan odamsizlar. Doʻppi tor kelsa sheriklaringni ham ikki pulga sotib yuborasizlar.
— Yoʻ-oʻq, — dedi Kozlov jiddiylashib. — Shu yerda yanglishding. Hammani ham sotavermaymiz.

Asadbek boshlanayotgan bahsdan latta isi kelayotganini sezib, suhbatga aralashdi:
— Aleksey, sen boshqa narsa demoqchiyding. Gapni burvording?
— Toʻgʻri tanbeh beryapsan. Men aytmoqchi edimki, kim boʻlsa boʻlsin, musulmonmi, xristianinmi, buddistmi — Xudoga sigʻinadi. Lekin bir-birini tan olmaydi. Shunisiga ajablanaman. Mana, Jalil, bizlarni tan olmaysanlar, a? Nima derdinglar?
— Qaysi ma’noda?
— Boshqa dindagilarni.
— Ha... — Jalil bir oz oʻylanib, soʻng javob berdi. — Kofir deymiz.
— Esladim. Aynan kofir deysan. Xoʻsh, nimaga? Axir men ham yakka Xudo deyman, sen ham. Qani javob ber.

Jalil bu xildagi bahsni, bunaqa qiyin savolni kutmagan edi. Islom ilmining alifbosini ham bilmaydigan odam uchun boshqa din vakili bilan bahslashish oson emas. Asadbek kecha hazil bilan boʻlsa-da, toʻgʻri aytib edi. Tagʻin ham Asadbek uni ayadi «chala mulla» desa yanada aniqroq baho bergan boʻlardi.

Jalil shu topda javobga qiynalsa ham, chala mullaligini oshkor qilgisi kelmadi. Chunki bahsga chorlayotgan odamning diniy ilmi battarroq chala ekanini bilib turardi. Jalil «shu chalaga gapimni berayinmi endi», degan fikrda mullalardan eshitganlarini eslab, javob berdi:
— Kofir deganmizning boisi shuki, Xudo degan bilan ish bitmaydi. Xudo deb turib haromdan qaytmaysizlar. Aroq ichasizlar, toʻngʻiz goʻshti yeysizlar, zino qilasizlar...
— Shuning oʻzimi? — dedi Kozlov.
— Bu kammi? — dedi Jalil.
— Yaxshi. Bu narsalar sizlarning kitobingizda harom qilingan. Biznikida harom qilinmagan. Xoʻsh, bunga nima deysan?
— Qur’oni karim oxirgi kitob. Olloh bandalarini haromdan qaytarish uchun bu muqaddas kitobni tushirgan. Butun inson bolalarining shu oxirgi kitobga boʻysunishi shart.
— Itoat etmasa-chi?
— Itoat etmasa kofir boʻladi, qiyomatda doʻzaxda yonadi.
— Demak, men doʻzaxda kuyaman, sen esa jannatda mazza qilasan, shundaymi?
— Buni Olloh biladi.
— Yoʻq, bu gap bilan mendan qutula olmaysan. Sen oʻz gapingni ayt.
— Mening bilganim... — Jalil qarasaki, masala chigallashib ketyapti. Qaysi bir yigʻindagi Sobitxonning «bahsda chuqurlashmanglar» degan gapini eslab, suhbatga yakun yasamoqchi boʻldi: — Men oʻrischada yaxshi tushuntirib berolmayman. Biz tomonlarga borsangiz, oʻrischani qotirib tashlaydigan mullalarimiz bor. Oʻshalar tushuntirib berishadi.

Asadbek uning bu bahonasidan kuldi:
— Boʻsh kelmaysan-a, koʻp narsani hali bilmayman, deb qoʻya qolsang-chi.
— Sen jim oʻtiraver. Harholda sendan koʻproq bilaman.

Shundan soʻng yoʻlda bora-borguncha bunday jiddiy mavzularga qaytmadilar.

Peshinga yaqin katta yoʻldan burildilar. Oʻrmonchining uyini eslatuvchi ovloqroq yerda ularning kelishlariga turli taomlar tayyorlab qoʻyilgan edi.
— Mehmondorchilikni oʻrniga qoʻyyapti-a, — dedi Asadbek Chuvrindiga.
— Buxoroga olib borganimizda har ikki soatda bir ziyofat bergan edik. Esida qolgan ekan-da.
— Harna boʻlganda ham yomon bola emas, bu. Aloqani sira buzmaslik kerak.

Manzilga yetgunlariga qadar yana ikki yerda shunday hordiq chiqarishdi.
— Yarim soatda yetamiz, — dedi Kozlov oqshomga yaqin. — Oltmishinchi yildan beri lagerga odam qoʻyilmayotgan edi. Eshitishimcha, yana odam qoʻyishga tayyorlashayotgan emish. Lager yonida qabriston bor. Otang oʻsha yerda. Yigitlar lager arxivini titib, raqamiga qarab aniqlab qoʻyishgan.

Zanglagan simtikonlar bilan oʻralgan, Kozlov «lager» deb atagan ulkan qamoqxona yaqinida ularni ikki yigit kutib oldi.
— Asad, — dedi Kozlov, yigitlar bilan salomlashib olgach, — lagerni koʻrasanmi yo qabristonga borasanmi?

Asadbek simtikonlar ortidan koʻrinib turgan, yarmi yer ostida boʻlgan bostirmalarning xunuk manzarasiga tikilib qoldi. Shu yerlarda otasi yurgan... Hozir qiyshayib qolgan yogʻoch minoralar ustida soqchilar turgan... Itlar akillagan... Zobitlar baqirgan... Qariyb oʻttiz yildan beri bu qamoqxona tashlandiq holda. Simtikonlarga atayin tegilmaganday. Goʻyo bu simtikonlarning bugun ham xizmati borday... Avval uning vazifasi odamlarni qochirmaslik edi. Endi-chi? Bu simtikonlar ortida odam boʻlmasa-da, necha ming yurakning zorli nolalari qolgan, necha ming marhumning ruhlari tunlari sarsari kezadi bunda... Zorli nolalar bu simtikonlarga urilib aks-sado beradi. Shu qadar kuchli aks-sado beradiki... uni hech kim eshitmaydi. Qaqshagan ruhlar erk ilinjida oʻzlarini shu simtikonlarga urib faryod uradilar. Ularning faryodlari shu qadar kuchliki... ularni hech kim eshitmaydi... Asadbek simtikonlarga qarab shularni oʻylaydi. Qulogʻi shangʻilladi. Nazarida u otasining faryodini eshitganday boʻldi. Yuragi zirilladi. Nafasi qaytdi. Koʻzi tindi. Gandiraklab ketay dedi. Ziyrak turgan Chuvrindi uni bilagidan ushlab qoldi.

Asadbek chuqur nafas olib, sir boy bermaslik uchun:
— Qabristonga boramiz, — dedi.

Kozlov bu gapni eshitib imo qilgan edi, buyruqqa ilhaq boʻlib turgan yigitlar chaqqon ravishda «Jiguli»ga oʻtirib, yoʻl boshladilar.

Oʻnqir-choʻnqir yoʻl boʻylab ancha yurishdi.
— Lager degani bitta kolxozning yericha bor ekan-da, a? — dedi Jalil hayratlanib. — Ming-ming odam siqqandir bu yerga? Daraxt kestirishganmi ularga?
— Omadi borlar daraxt kesishgan. Qolganlari shaxtada ishlashgan. Oʻn chaqirim narida shaxta bor, — dedi Kozlov.

«Otam nima qilgan? Kim biladi? Hech kim...» deb oʻyladi Asadbek.

Nihoyat tikonli simdevor tugab, yoʻl chapga qayilgach, kichkina yogʻoch uy qarshisida toʻxtashdi. Ular mashinadan tushgunlariga qadar uy ostonasida bir keksa odam koʻrindi. Uzun soqolli, qoshlari oppoq oqargan, ustiga eskiroq, ammo ozoda kostyum kiygan bu odamning yuzidagi nur barchalariga birdek ta’sir qildi.
— Shu qabristonga qarab turarkan. Otalarini tanir ekan, — dedi yigitlardan biri Kozlovga.

Bu gapni eshitib Asadbekning yuragi hapriqib ketdi. Yugurib borib qariyani quchoqlab olgisi keldi. Yugurishni istadi, biroq oyoqlari oʻziga boʻysunmadi. Joyidan qimirlay olmadi.

Qariya ular tomon bir-bir bosib kelib:
— Assalomu alaykum, mehmonlar, kelinglar, — deb barchalarini hayratda qoldirdi.
— Siz, boʻtam, Asadjonsiz, toʻgʻri fahmladimmi? — U shunday deb toshdek qotgan Asadbekni bagʻriga bosib, yuzini yuziga qoʻydi, yelkalarini siladi. — Barakalla, boʻtam, xush kelibsiz. Kelishingizga dadangiz rahmatli ishongan edilar. Siz dadangiz rahmatliga oʻxshabsiz, umringiz oʻxshamasin. Bu yigit... Samandarmi? — dedi u ikkilangan holda.
— Bu yigit tutingan ukam — Mahmud. Bu devor-darmiyon qoʻshnim, oshnam Jalil, — dedi Asadbek.
— Samandar qani? — deb soʻradi qariya.
— Samandar... oʻlgan. Ellik uchinchi yilda.
— Ellik uchda? Astagʻfirulloh!.. Qaysi paytda?
— Stalin oʻlgan kuni.
— Astagʻfirulloh... Astagʻfirulloh... Yo Rabbim, oʻzing qudratlisan! Boʻtam, otangizning xastaliklari xuddi shu kuni boshlangan edi. Aniq esimda. Bir hafta deganda jonlari uzildi. Olloh rahmat etsin, — qariya shunday deb picha sukut qildi. — Qani, lutf qilingiz, kulbamizni obod etingiz.

Otasi haqidagi oʻylar bilan band boʻlgan Asadbek qariyaning uyga taklif etayotganini darrov tushunib yetmadi. Buni fahmlagan Chuvrindi uning oʻrniga javob berdi:
— Avval mozorboshiga borsakmikin?
— Ixtiyoringiz... — Qariya shunday deb doʻmpayib turgan qabrlar sari yurib pichirlab duo oʻqidi, soʻng ovozini chiqarib dedi: — Assalomu alaykum, ey moʻ’minlar, sizlar bizlardan avval keldingiz bu yerga, biz ham bir kun kelarmiz...

Bu gap Asadbekka ta’sir etib, etlari jimirlashib ketdi. Qariya bilan izma-iz borayotgan Jalil undan asta soʻradi:
— Bu yerdagilarning barchasi musulmonmi?
— Yoʻq, — dedi Qariya, — aralash qoʻyilgan. Raqamlarga qarab koʻplarini eslab qolganman. Birodarlarimni kunda bir ziyorat qilib turaman.

Oʻt bosgan qabrlar orasidagi lozimini qiynalmay topib borishdi. Oʻtlar toptalib, yolgʻizoyoq soʻqmoqlar hosil boʻlganidan qariyaning rost soʻzlayotganini sezish mumkin edi.
— Rahmatli dadangiz shunda madfundurlar, — dedi qariya, soʻng koʻrsatgan qabri yoniga oʻtirdi. Asadbek uning oʻng tomoniga, Chuvrindi bilan Jalil chap tomoniga oʻtirdilar. Orqaroqda kelayotgan Kozlov, gul koʻtarib olgan yigit bir necha qadam narida toʻxtashdi.

Qariya «tilovat qilasizmi, boʻtam?» degan ma’noda Asadbekka qaradi. Buni sezgan Jalil bilgan suralarini ovozini baralla qoʻyib oʻqiy boshladi...

Duodan soʻng Jalil oʻrnidan turdi-da, «Saloti janoza» deb qoʻydi. Qariya unga ajablanganicha qarab:
— Boʻtam, janoza vaqtida oʻqilgan, — dedi.
— Shu yerda-ya? — dedi Jalil taajjubini yashirmay. — Kim oʻqigan?
— Men... Qani, oʻtirsinlar... Tarix shuki, kamina ham shu qamoqxona tuzini totganlardan. Moʻ’minlar bandalikni ado etganda janozalarini oʻqir edim.
— Kafan-chi?
— Bu yogʻiga ojiz edik. Nasoriylar ham tobutsiz koʻmilardi. Moʻ’minlarning yuzlarini qiblaga moyil qilib, soʻng betlarini tuproq tegmaydigan qilib yopib, soʻng koʻmardik. Boshqa ilojimiz yoʻq edi.

Bu gapni eshitib, Chuvrindi oʻz otasini esladi. «Bular-ku, ilojsiz ekanlar, ular-chi? Kafanladilarmi? Yuzni qiblaga qaratdilarmi? Lahad qazidilarmi ekan?..» Chuvrindi shularni oʻylab, xayoliga bir gap keldi-yu, soʻradi:
— Taqsir, endi qabrni ochib, kafanlab, lahad kavlab qayta koʻmilsa boʻlmasmikin?
— Bunga hojat yoʻq, boʻtam. Birlamchi, marhumlarni bezovta qilmagan ma’qul. Bunda jasad yotadir. Ruhlari esa vallohi a’lam erkinlikdadir. Ikkilamchi shuki, bunda madfun etilganlar, vallohi a’lam, shahidlik martabasidadirlar. Aksarlari kofirlar bilan olishib oʻldilar, inshollohkim, Yaratganning oʻzi ularga shahidlik martabasi berar. Shahidlarga esa kafan lozim emas. Qabristonni ziyorat qilmoqning odobi shuki, bilgan odam «Yosin»ni oʻqimogʻi darkor. Orangizda bilganlar bormi? — Qariya shunday deb Jalilga qaradi. Jalil yelka qisib, bosh chayqagach, tilovatni oʻzi boshladi. Uning qiroati shu qadar yoqimli ediki, uchchovlari bir onda sehrlandilar. Kozlov qaqqayib turishni oʻziga noqulay deb bilib, yigitning qoʻlidan gulni oldi-da, qabr ustiga qoʻyib, asta iziga qaytdi.
— Rahmatli dadangiz bilan uch yildan ortiq birga boʻldik, — dedi qariya duodan soʻng. — Choʻrtkesar, haqiqatparvar edilar. Xudo kuchdan ham bergan edi. Dadangiz kelgunlaricha bizga kun yoʻq edi. Aristonlar orasida bir devday maxluq bor edi. Toʻngʻiz deb laqab qoʻygandik. U bor joyda hazrati Azroilga hojat yoʻq edi. Dadangiz kelganlarida uch-toʻrt karra xiralik qildi. Bir kuni qarasak, tunda kimdir toʻngʻizning boshini boltada chopib tashlabdi. Bu ishni kim qilganini hamma fahmladi. Xoʻjayinlar ham sezishdi-yu, guvoh boʻlmagani uchun boʻyniga qoʻya olishmadi. Rahmatli dadangiz tufayli oʻshandan keyin bagʻrimizga shamol tegib qoldi. Katta nachaynik itfe’l edi. Dadangizning payiga tushdi. Shaxtaga haydadi. Uch marta ovga olib chiqdi. Ov deganimiz Xudoning bir balosi edi. Itfe’l oʻziga yoqmagan aristonlarning besh-oltitasini oʻrmon ichkarisiga haydab borib, soʻng qoʻyib yuborar edi. Kim evini qilib, uning oʻqlariga chap berib, lagerga qaytib kelsa keldi, boʻlmasa «qochishga uringanda otib tashlandi» deb xatga tirkashardi. Uchinchi marta dadangizning yolgʻiz oʻzlarini olib chiqishdi. Evlasholmadi. Xudo oʻz panohida asraganidan keyin, oʻq doʻli yogʻdirilsa ham bir tuki uzilmaydi-da. Dadangizga boshqacha oʻlim nasib etgan ekan. Stalin oʻlgani haqidagi xabar bizga sakkizinchi martda yetdi. Oʻshanda dadangizning xastaliklariga uch kun boʻlgan edi. Bu yerning doʻxtiri ham aristonlardan edi. Yo qoʻli kaltamidi yo ilmimi, harholda chora topmadi. Yana uch kundan soʻng isitma aralash alahsirab turib, uzildilar. Samandarni koʻrishga ilhaq edilar. Shu armon bilan ketdilar. Yana bir armonlari — sizlardan hech xat-xabar boʻlmadi. Koʻzlari toʻrt boʻlib kutdilar.

Bu gapni eshitib, Asadbek yalt etib qariyaga qaradi:
— Qaerga yozishni bilmas edik. U yoqdagi idoralar ma’lumot berishmadi. Oʻzlaridan xat olmadik.
— Koʻp yozdilar. Oʻzim guvohman. Bilmasam, nechukdirki, sizlarga yetmagan ekan. Xastalanmaslaridan burun ham yozganlari yodimda. Balki xat bu qamoqxonadan chiqarilmagandir. Balki turadigan yeringizda gʻalamislar boʻlgandir. Shunaqasini ham eshitganmiz.

Bu gapdan keyin Asadbek Chuvrindiga qaradi. Chuvrindi bu qarashning ma’nosini tushunib, «ma’qul» deganday bosh irgʻadi.

Barchalari uchun kutilmaganda Jalil qariyaga savol berdi:
— Oʻzingiz nima uchun oʻtirgansiz?

Asadbek achchiqlanib, Jalilga qovoq uyub qaradi. Chuvrindi xijolatlik bilan boshini egdi. Qariyaga esa bu savol malol kelmadi:
— Har narsa mavridi bilan, boʻtam. Bu yerda hasrat daftari oʻqish joiz emas.

Qariya shunday deb oʻrnidan turdi. Jalil bilan Chuvrindi unga ergashdi. Asadbek oʻrnidan jilmadi. Uning qolganiga e’tibor bermaganday, uchovlon uy sari yurdilar.

Asadbek bu onning qanday kechishini koʻp xayol qilgan edi. Dam qabrni quchoqlab yigʻlagan boʻlardi. Dam otasining ruhi bilan suhbatlashardi. Onasining taqdiri, Samandarning oʻlimi, oʻzining sarguzashtlarini... gapirib berardi. Qariya bilan uchrashuv, uning hikoyasi xayollarini toʻzitib yubordi. Hozir toʻzonga aylangan xayollariga bandi boʻlib, qabrga tikilganicha nest holida oʻtirardi.

Qariya uyiga yaqinlashgach, Kozlov mehmonlarni olib ketajagini ma’lum qildi. Qariya uning gaplarini eshitib, bosh chayqadi.
— Avval uyga kiringlar. Bir piyoladan choy ichinglar. Kecha bu yigitlar kelishgandan beri yoʻlga koʻz tikaman. Oshga unnab qoʻyganman, hozir guruch solsam, oshdan soʻng mayli, siz mezbonga oʻxshaysiz, ixtiyor sizda. Unga qadar Asadjon boʻtam ham bir nima der-lar. Bugun u kishining koʻngillariga qaramasak boʻlmas.

Qariya shunday deb mehmonlarni ichkari kirishga undadi. Kozlov «hozir bir joyga borib kelaman», deb yigitlari bilan «Jiguli»ga oʻtirdi. Jalil oldinda, Chuvrindi unga ergashgan tarzda torroq dahlizdan oʻtib, uyga kirdilar. Uy ichi sarishta, ozoda edi. Toʻrda ensiz karavot, oʻrtada dumaloq stol. Ortiqcha ashyolar koʻzga chalinmaydi. Qariya fotiha oʻqigach, oʻrnidan turdi-da, dasturxon yoydi. Tokchadagi mayiz, turshak, bodom, yongʻoq solingan likopchalarni olib qoʻydi. Moʻ’jaz sandiqdan non olib, pichoq bilan kesdi. Soʻng «dasturxonga marhamat qilinglar», deb chiqdi-da, dam oʻtmay choynakda choy koʻtarib kirdi.
— Siz gazda qaynagan choyga oʻrganib qolgansiz. Samovarchoyni ham bir koʻringlar-chi, — dedi jilmayib.

Choy icha turib, qariya Jalilga qaradi:
— Boʻtam, endi haligi savolingizga javob berayin.
— Unchalik shart emas, — dedi Jalil oʻngʻaysizlanib.
— Shart emas-ku, ammo qiziq-da. Oʻrislarning ovloq bir makonida bu oʻzbek chol qaydan paydo boʻldi deb ajablanasiz-da. Aslida-ku, bu joylar keyinoq oʻrisniki boʻlgan. Bu yerlarda azaldan turk qavmlari yashab kelgan. Bu yogʻi Enasoy, u yogʻi Boykoʻl, Yoqutistonu Tuman, Jeta... Zamonaning zayli bilan endi oʻrisniki boʻlib ketdi-da. Men asli margʻilonlikman, boʻtam. Dadam rahmatli hofizi qur’on boʻlganlar. Atlas toʻqishda dadamga teng keladigani boʻlmagan. Yigirma toʻqqizinchi yili «Hamzaxonni mullalar oʻldirdi», deb ilmi borlarni terib, qamashdi. Dadam rahmatlini ham oʻshanda olishgan. Kosibchilik qilib roʻzgʻor tebratayotgan odam Margʻilonda yashasa, Hamzaxonni Shohimardonda oʻldirishgan boʻlishsa... Shoʻrolarga bir bahonai sabab kerak ekan-da. Agar dadam hofizi qur’on boʻlmaganlarida birov tegmas edi. Asadjon boʻtam bilan taqdirimizning shu yeri oʻxshash ekan. Rahmatli dadamni boshqa koʻrmadik. Mana shunaqangi turmalarda azob chekib oʻtgandirlar, deyman. Eslasam, hali ham yuragim oʻrtanib-oʻrtanib ketadi. Koʻp oʻtmay bizni ham quloq qildilar. Ukrainaga tushdik. Shunisiga ham shukr qilib, dehqonchilikdan nasibamizni terib yeb yuruvdik, urush boshlansa deng. Qismatimizda bu ham bor ekan. Baquvvat yigit edim. Nemis kattalaridan birining nazariga tushibman. Xizmatkor kerak ekan, Olmoniyaga joʻnatdi. Onam, ikki ukam, singlim faryod solib qolaverishdi. Ularni shu boʻyi koʻrmadim. Qamoqdan chiqqanimdan keyin ham koʻp qidirdim, yoʻq, topmadim. Nemis nima uchun menga xaridor boʻlib qoldi, desam, u urushdan oldin Turkiyada yurib musulmonlarning ozodaligiga, toʻgʻriligiga tan bergan ekan. Biron oylardan soʻng oʻzi ham uyiga qaytdi. Xizmatini halol bajarib yuraverdim. Men borgan joy urushdan holi ekan. Urushning tamom boʻlganini bilmabman ham. Bir kuni xoʻjayin: «Urush tugadi, istasang uyingga qayt, istasang boshqa xizmat qil, istasang men bilan yur, Amerikaga ketyapman», deb qoldi. «Amerikada menga nima bor», deb uyga qaytmoqchi boʻldim. Margʻilonga qaytish qayda, toʻppa-toʻgʻri turmaga tiqdilar. Odam bolalari shu darajada toʻgʻri yoʻldan toyganlarki, faqat bir-birlarini aldab yashaydilar. Yolgʻon gap topilmay qolgan damdagina bir-ikki rost gapirishga majbur boʻladilar. Shu sababli bir-birlariga ishonmaydilar. Shu sababli menga ham ishonmadilar. Hali u turmada, hali bu qamoqxonada yurib, oxirgi makonim shu yer boʻldi.
— Oqlanganingizdan soʻng uyingizga qaytavermadingizmi? — deb soʻradi Chuvrindi.
— Margʻilonga qaytib bordim. Picha yashadim. Uy-joylarimiz musodara boʻlib ketgan. Qarindosh-urugʻlar tanimaydi. Tanigani bordi-keldi qilgani qoʻrqadi. Endi qonim qoʻshilmasligini sezdim. Yana deng, tushlarimga shu yerda yotgan birodarlarim kiraverishadi. «Bizni yolgʻiz qoldirdingmi?» deb chirqirashadi. Shu sabab boʻlib bu yoqqa qaytvordim-da. Avval qishloqda yashadim. Keyin shu uychani qurdim.
— Tirikchilik nima boʻlyapti, tirikchilik? — deb soʻradi Jalil.
— Tirikchilikmi? Yerga egilsangiz, boʻtam, yer boqadi. Bu tomonlarda yerning hisobi yoʻq. Istagancha dehqonchilik qilish mumkin. Bogʻim bor, dehqonchilik qilaman. Olloh nasibamni berib turibdi, alhamdulillah.

Qariya shunday deb soatiga qarab oldi.
— Men guruchni solaveray. Keyin shomni oʻqiymiz, — dedi Jalilga qarab, soʻng Chuvrindiga qaradi: — Siz boʻtam, Asadjonni chaqiring.

Qariya bilan Chuvrindi chiqib ketishgach, Jalil xonaga koʻz yugurtirdi. Karavotning oyoq tomoniga joynamoz taxlab qoʻyilibdi. Bosh tomondagi tokchada kitoblar. Jalil oʻrnidan turib ulardan birini oldi-da, varaqladi. Arab harflariga tishi oʻtmagani uchun hech nimaga tushunmadi. Oʻzicha «Qur’on boʻlsa kerak» deb taxmin qildi. «Bu odam katta mullaga oʻxshaydi, men ahmoq, uning oldida janoza oʻqimoqchi boʻldim», deb oʻzini oʻzi koyidi.

Bir oz fursat oʻtgach, qariya kirib undan soʻradi:
— Tahoratingiz bormi, boʻtam?
— Yoʻq, — dedi Jalil. — Tayammum qilib qoʻya qolaman.
— Nimaga? — deb ajablandi qariya. — Suv bor-ku? Suv boʻlsa, sihatingiz koʻtarsa, tayammumga yoʻl yoʻq, boʻtam..

Shomni oʻqib boʻlishganda ham Asadbek qaytmadi. Jalil bundan foydalanib yoʻldagi bahsni aytib berdi.
— Bahslashmaganingiz durust boʻlibdi, boʻtam, — dedi qariya. — Buning uchun odamga ilm kerak. Buning uchun Injil bilan Qur’oni Karimni puxta bilish shart. Ulamolar ham bu masalada ehtiyot boʻlib bahsga kirishadilar. Ilm sayoz boʻlsa, islomning afzalligini koʻrsataman, deb aks ish qilib qoʻyish mumkin.
— Siz bilsangiz kerak, — dedi Jalil kitoblarga ishora qilib.
— Menda ilm yoʻq, boʻtam. Oʻqiganlarim yetarli emas. Bu sohada mening bilganlarim shuki, nasroniylar Iso alayhissalomdan soʻng adash yoʻlga kirib ketdilar. Injilga oʻzlaricha oʻzgartishlar kiritdilar. Iso Masixni Xudoning oʻgʻli deb atadilar. Ammo, bilingki, boʻtam, shu gaplarni aytish bilan bahsni yengib boʻlmaydi. Ayniqsa ilmdan uzoq bir odamga gap uqtirish mushkul.

Asadbek kirib ularning gaplari uzildi. Qariya shamchiroqni yoqdi. Kozlov kelgach, osh suzildi. Asadbekning tomogʻidan ovqat oʻtmadi.

Kozlovning qishloqqa borib yotish haqidagi taklifini Asadbek rad etdi.
— Men shu kech otam yonida qolay. Jalil bilan Mahmud sen bilan birga qaytishadi, — dedi u.

Asadbekning ahvolini tushunib turishgani uchun bahslashib oʻtirishmadi. Kozlov qariyani bir chetga tortdi-da:
— Asad betob, — dedi. — Muyulishdagi mashinada bir yigit oʻtiradi. Agar Asad behalovat boʻlsa, darrov xabar qiling.

Asadbek qariya bilan otamlasharman, deb oʻylagan edi. Yolgʻiz qolishgach, gaplashgisi kelmadi. Koʻngil yolgʻizlikni istadi. Tashqariga chiqib yogʻochdan yasalgan oʻrindiqqa oʻtirib, qabriston tomonga tikildi. Vujudidagi ogʻriqni ham, isitmasi koʻtarilganini ham sezmadi.

Ertasiga qariya bilan xayrlashib, Krasnoyar sari yoʻlga tushdilar. Shaharga kirmay, kasalxona yoʻliga burildilar. Asadbek ancha holsizlanib qolgani uchun undan soʻrab oʻtirmadilar. Asadbek uchun joy hozirlanib qoʻyilgan edi. Uni qoldirib shaharga qaytishgach, Kozlov:
— Asad kamida bir hafta-oʻn kun yotishi zarur ekan. Shoshilinch ishlaring boʻlsa, qaytaveringlar. Oʻzim xabardor boʻlib turaman. Bu yer ishonchli joy, — dedi.
— Men qolaman, — dedi Chuvrindi qat’iy ohangda.— Sizlarni ortiq bezovta qilmaslik uchun mehmonxonada turaman.
— Mahmud! Sen meni xafa qilyapsan. Agar Kozlovda bitta oshiqcha uy, bitta oshiqcha mashina boʻlmasa yurgan ekan-da, a?..
— Jalil aka, siz-chi? Qaytasizmi?
— Kallang bormi, sen bolaning! — dedi Jalil achchiqlanib. — Agar senga xalaqit berayotgan boʻlsam, aytaver, mehmonxonangga pulim yetmasa vokzalda ham yotaveraman. Qora nonga qornim toʻyadi.
— Unaqa ma’noda aytmadim, Jalil aka, xafa boʻlmang, — dedi Chuvrindi xijolatlik bilan. — Ishingiz zarurmikin...
— Ishim yoʻq mening. Mening bunaqa doʻstim bitta, bilib qoʻy. Sen boshqa xoʻjayin topishing mumkin, men boshqa doʻst topa olmayman!

XX bob

1

— Menga bu ishlaring yoqmayapti, — dedi Valya, koʻzgu qarshisida oʻziga oro berayotib. — Xongirey bilib qolsa... albatta biladi, meni jazolaydi, senga esa indamaydi.
— Qoʻrqma, senga ham indamaydi.
— Olov bilan oʻynashyapsan, Zelya.
— Olovning ustida tugʻilganman, olovsiz turolmayman, — dedi Zelixon kulib.
— Shuning uchun oʻzing kuymay qolasan, boshqalar esa sen uchun jizgʻanak boʻlishadi.
— Qoʻrqma deyapman-ku.
— Yaxshi, qoʻrqmadim. Hozir yoʻlga chiqaman. Jamshid kelmasa-chi? Ahmoq boʻlib qaytib kelaveramanmi?
— Nega ahmoq boʻlarkansan? Kelmasa, ikkalamiz gʻorni aylanamiz. Ishtaha kelib qolsa, balki oʻpisharmiz. Sen hech gʻorda oʻpishganmisan?
— Yoʻq, — dedi Valya jerkib. — Maynavozchilik qilma. Eslab qol: gʻorning uchinchi boʻlmasida kutasan. Ikki yigit orqadan poylaydi.

Zelixon Valyaning chindan ham achchiqlanayotganini bilib, boshqa gapirmadi.

Zelixon sayyohlarga qoʻshilib, gʻor ichkarisiga olib kirish uchun moʻljallangan vagonga oʻtirdi-da, har ehtimolga qarshi atrofga alangladi. Oʻzini kuzatayotgan nigohni sezmagach, xotirjam boʻldi. Ichkariga kirgach, yana alangladi. Vagonlar ma’lum manzilga yetgach, toʻxtadi. Sayyohlar yoʻlboshlovchining gʻor tarixi haqidagi hikoyasini tinglab, tomoshani boshladilar. Zelixon uchinchi boʻlmaga qadar ular bilan birga yurdi. Soʻng yolgʻiz oʻzi qoldi.

Novoafon gʻorining uchinchi boʻlmasi boshqalariga qaraganda kichikroq hamda qorongʻiroq edi. Sumalakka oʻxshab qotib turgan rangli ma’danlardan suv chakillab tomardi. Zelixon soatiga qaradi: oʻn besh daqiqadan soʻng Valya Jamshid bilan uchrashishi kerak. To u yoqdan, bu yoqdan gaplashib gʻorga kirgunlaricha yana oʻn besh daqiqa oʻtar, demak, yarim soat kutishi lozim. Zelixon atrofni sinchiklab kuzatib, pana joy moʻljalladi. Ma’qul joy topilmagach, toʻrtinchi boʻlmaga chiqdi-da, Valya bilan Jamshid koʻringunicha shu yerda kutishga qaror qildi.

Ular moʻljaldan avvalroq koʻrinishdi. Sayyohlar uchinchi boʻlmadan chiqishgach, reja boʻyicha Valya Jamshidni bir bahona bilan ushlab qolishi kerak. Shunda Zelixon kiradi. Shunda Jamshid hayrat tuzogʻiga tushadi. Tuzoqdagi qushning ahvoli esa ma’lum.

Uchinchi boʻlmaga kirgunlariga qadar Jamshid Valyaning yetagidagi goʻl yigit koʻrinishida edi. Sayyohlar chiqa boshlashgach, Valya ma’danlarning sifati haqida soʻz ochdi. Jamshid esa uning soʻzlariga quloq bermay, atrofga alangladi.
— Gapimni eshitmayapsanmi? — dedi Valya nozli ohangda.
— Ha, — dedi Jamshid.
— Nega?
— Bu gaplarni koʻp eshitganman. Sen menga boshqa narsani gapir: akademik shu yerda kutishi kerakmidi?
— Qaysi akademik?
— Bilmaysanmi? Ha, yaxshi, unda gapiraver, kutamiz, — Jamshid shunday deb boʻlma ogʻziga orqasini qilib turib oldi. Sharpa sezilganda ham qaramadi.

Zelixon boʻlmaga asta kirdi. Valya uni koʻrdi, koʻzlari bilan ishora qildi. Ammo Zelixon bu ishorani nimqorongʻida sezmadi. U Jamshidga yaqin kelib, yelkasidan ushladi:
— Jamshid!

Jamshid Zelixon oʻylaganidek sapchimadi, keskin oʻgirilmadi. Oʻgirilib, hayratga ham tushmadi. Astagina oʻgirildi-da, zaharli jilmayish bilan Zelixonga tikildi.
— Akademikning buyrugʻiga binoan yetib keldim. Xizmatlariga tayyorman.

Zelixon «aytib qoʻydingmi?» deganday Valyaga norozi qiyofada boqdi.
— Unga qaramang. Sizni kecha koʻrganman. Siz oʻgʻirlikda balki akademikdirsiz, lekin bunaqa ishlarda mishiqi bolaga oʻxsharkansiz. Shuncha odamni ovora qilganingizni qarang. Men siz oʻylaganday nodon yoki laqma boʻlsam, shuncha yil Asadbekning qanotida yurarmidim? Gap shu: xonimchangizga ham, orqadagi ikki yugurdagingizga ham javob bering. Gapingiz boʻlsa, yakkama-yakka gaplashamiz.

Zelixon «chiq» deganday Valyaga qaradi. Valya istamaygina chiqib, toʻrtinchi boʻlmadagi sayyohlarga qoʻshildi.
— Shu yerda gaplashamizmi yo yorugʻ jahonga chiqamizmi? — deb soʻradi Jamshid.
— Yorugʻ jahon ham gap ekanmi, — dedi Zelixon, — naq jannatning kindigida otamlashamiz.

2

Ular tushgan mashina togʻning aylanma yoʻllari boʻylab yuqoriladi. «Gloriya» deb nomlangan qahvaxona katta yoʻldan chetroqda, begona koʻzlardan panada boʻlsa-da, gavjum edi. Bu yer boshqa joylarga qaraganda tinch, toʻplanganlar tasodifiy xoʻrandalar emas, balki doimiy mijozlar ekani ularning bamaylixotir oʻtirganlaridan sezilar edi. Zelixon qamalmasidan ilgari bu yerda toʻrt-besh marta boʻlgan, hatto Xongirey bilan ham birga kelgan edi. Oradan koʻp vaqt oʻtgan boʻlishiga qaramay, kapalaknusxa galstukli, orqaga taralgan sochlari oqargan qahvaxona ogʻasi uni tanib, izzat bilan qarshiladi-da, ikki kishilik joyga boshlab bordi. Ulardan hech kim nima ichasiz, nima yeysiz, deb soʻrab oʻtirmadi.

Jamshid atrofga koʻz yugurtirdi: pastda dengiz yastanib yotardi. Sarv qomatli archalar shabadada asta chayqaladi. Yuqorida qorli choʻqqilar koʻrinadi.
— Uch-toʻrt chaqirim narida Stalinning dachasi bor, — dedi Zelixon. — Xohlasang koʻrsatishim mumkin. Xohlaysanmi?
— Men bunaqa narsalarga qiziqmayman, — dedi Jamshid.

Xizmat qilib yuruvchi yigit billur idishlarda pivo keltirib qoʻydi.
— Dam olgani keldingizmi? — deb soʻradi Jamshid, pivodan xoʻplab.
— Shunaqa desak ham boʻladi.
— Yolgʻiz kelibsiz?
— Kim bilan kelishim kerak edi?
— Masalan... Hofiz bilan?
— Uning oʻziga yarasha tashvishlari bor.
— Yana qanaqa tashvish? Oʻchini oldi. Koʻngli joyiga tushdi. Yo tushmadimi? Ha... endi meni oʻldirgisi kelayotgandir. Bilaman, meni yomon koʻradi. Ammo aytib qoʻying unga, men Shilimshiq emasman, menga tishi oʻtmaydi.
— Seni oʻldirmaydi, — Zelixon shunday deb zaharli iljaydi. — Bitta odamni ikki marta oʻldirib boʻlmaydi.
— Bu nima deganingiz?
— Elchin seni oʻldirib boʻlgan. Buning uchun qaynotasidan tepki ham yegan.
— Tushunmadim?
— Ovsarmisan, desam, esli-hushli bolaga oʻxshaysan.

Bu gapdan Jamshidning gʻashi kelib qoshlarini chimirdi.
— Meni koʻpchilik kelajakdagi Asadbek, der edi. Eshitmaganmisiz?
— Eshitmaganman. Ammo qulogʻimga «Jamshid — Oʻqilonning soyasi» degan gaplar chalingan. Xoʻsh, oʻzingni ovsarlikka solmayotgan boʻlsang ayt-chi, meni restoranda koʻribsan, marjaning maqsadini anglabsan, nimani kutding?
— Bir shumlikni oʻylaganingizni sezdim. Otarchi ham shu yerdadir, deb oʻylabman.
— Shumlikni men emas, akalaring qilgan. Sen har holda bu yerga oʻynagani kelmagandirsan?
— Shunaqa desak ham boʻladi.
— Bu yer vaqtinchalik qoʻnish joyi. Keyin qayoqqa uchasan?
— Qayoqqa? Uyga-da.
— Uyga ucholmaysan.
— Nega?
— Seni Oʻqilon oʻz oʻgʻliday yaxshi koʻrarmidi? Unga nima yomonlik qiluvding?

Jamshid Zelixonning oʻtkir nigohiga dosh berolmay, koʻzlarini olib qochdi.
— Gaplaringga qaraganda sen asosiy hukmni bilmaysan, shekilli?

Bu gapni eshitib, Jamshid Zelixonga yalt etib qaradi:
— Asosiy hukm?
— Akalaring senga «uch-toʻrt kun Bek akamning koʻzlaridan nari yura tur», deyishganga oʻxshaydi, a? Seni bu yoqqa uchirib, ertasiga seni koʻmishgan. Tushunmadingmi? Diqqat bilan eshit: Oʻqilon seni qaysi bir gunohing uchun oʻlimga hukm qilgan. Senga mehribon bir, yoki ikki, yoki uch odam seni bu yoqqa joʻnatib, oʻrningga boshqa odamni xuddi Shilimshiqqa oʻxshatib oʻldirib, yoqib yuborib, keyin koʻmishgan. Sening oʻligingni Chuvrindining uyidan chiqarishgan.
— Yolgʻon!
— Senga yolgʻon gapirishdan menga foyda bormi? Nima uchundir Oʻqilon qotillikda Elchinni aybladi. Men shunga hayronman. Sening oʻlganingga men ham ishongan edim. Kecha koʻrib, koʻzlarimga ishonmadim. Seni panaga tortganimning sababi ham shu. Seni deb Elchinning yana jabr tortishiga yoʻl qoʻya olmayman.

Xizmat qilayotgan yigit yoqimli hid taratayotgan kabob keltirib qoʻydi. Kabob hidi ishtahalarini qitiqlasa ham taomga qaramadilar. Jamshid bir oz sukut saqlab oʻtirgach, oʻrnidan turdi.
— Ha, qayoqqa? — dedi Zelixon.
— Shu bugunoq joʻnayman.
— Shoshilma. Akang hali-beri hukmni oʻzgartirmas. Sen avval nima gunoh qilganingni aniqlab ol.
— Gunohim yoʻq.
— Lekin ayrim odamlar orasida mish-mishlar yuribdi. Seni koʻmib kelishgan kuni Asadbekning qizi oʻzini osgan. Keyin bolasi tushgan... Balki u bilan...
— Yoʻq, — dedi Jamshid keskin. — U menga singil qatori edi. Bek akamning gumon qilishlariga oʻrin yoʻq edi.
— Unda nimaga?..
— Bu yogʻiga ishingiz boʻlmasin.
— Yaxshi, ishim boʻlmaydi. Lekin bilib qoʻy, shilta oʻyinlaringga Elchinni aralashtirmalaring. Elchin yolgʻiz emas. Mendan tashqari ham himoya qiladiganlari bor. Bular oldida, — Zelixon atrofdagilarga ishora qildi. — Oʻqilon chuvalchangday bir gap.
— Katta ketmang, aka, — dedi Jamshid eshik tomon yurib. U kelgan mashinasida qaytdi. Zelixon esa qahvaxona xoʻjayinining xonasiga kirib, telefon goʻshagini koʻtarib buyurtma berdi.

Oʻn daqiqadan soʻng Elchinning telefoni jiringladi. Zelixon Elchinning ovozini eshitdi-da, salomlashmasdan turib dona-dona qilib dedi:
— Elchin, bir gapni aytaman, dovdirama. Gaplarimni qaytarma. Xotirjam eshitib, trubkani ham joyiga asta xotirjamlik bilan qoʻy. Gap bunday: Jamshid tirik. U Sochida. Hozir birga pivo ichdik. U oʻzining oʻlganini bilmaydi. Sen hushyor boʻl. Qolgan gapni keyin aytaman.

3

Eshikni Valya ochdi. Zelixon uning koʻzlaridagi xavotir uchqunini sezib, ichkari kirishi xavfli ekanini angladi. Endi orqasiga oʻgirilaman deganida biqiniga oʻtkir tigʻ tiraldi. Zelixon uy burchagida ikki yigitning bejo turishiga ahamiyat bergan, ularni Xongireyning yigitlari deb oʻylagan edi.

U ilojsiz bir ahvolda ichkariga qadam qoʻydi. Katta xonaga kirdi-yu, koʻzlariga ishonmadi. «Nima balo, oʻliklar tirila boshlaganmi?» deb oʻyladi. Xona toʻridagi yumshoq oʻrindiqda taltayib... Fedya oʻtirar edi. Jamshid masalasini aniq bilmas edi, axir buni oʻz qoʻli bilan oʻldirgan edi-ku?!
— Ha, Zelya, koʻzlaringga ishonmayapsanmi? — dedi Fedya oʻrnidan turib. — Men oʻsha, oʻzing bilgan Boʻriman. Narigi dunyoda edim. Qarasam, maishat zoʻr. Men maishat qilib yuraversamu akademik doʻstginam yorugʻ dunyoda xor boʻlib yursa, insofdanmi, deb u yerdagilarni avradim. Meni yorugʻ dunyo azoblariga qaytaringlar, qorongʻu dunyo lazzatlaridan akademik doʻstim ham bahramand boʻlsin, devdim, koʻnishdi, parazitlar. Toʻgʻri, ularga ham ozgina xarajat qilishga majbur boʻldim. Senday doʻst uchun men hech nimamni ayamayman, bilasan-ku?
— Sen... qanday tirik qolding? — dedi Zelixon, hayratdan hanuz oʻziga kelolmay.
— Xudo xohlamadi oʻlishimni, — dedi Fedya tirjayib.
— Xudo-ku, xohlardi-ya... Fedya, bir safar tirik qolganing bilan, xoinliging kechirilmaydi, bilasan,a? Mentlarga xizmat qilayotganing uchun tering shilinadi hali.
— Sen oʻzingni oʻyla. Sen akademik emassan, xomkallasan. Xongirey ham ahmoq. Seni bunaqa joydan qidirishmaydi, ovloqlardan izlashadi, deb oʻylaganidan keyin ahmoq-da. Sen poʻstak, tomirimga qoradoridan boplab urdim, deb quvondingmi? Sening kelishing ma’lum edi. Endi sen shilta ish bilan ketasan. Qaytmaydigan boʻlib ketasan.
— Sen tiriksan-ku?
— Sheriklarim oʻlgan.
— Bular... mentlarmi? — dedi Zelixon orqadagi yigitlarni koʻrsatib.
— Ishing boʻlmasin. Oʻtir. Qorongʻi tushguncha oʻtiramiz. Keyin ketamiz.
— Qayoqqa?
— Ochigʻini aytaymi, Zelya, sen umringni yashab boʻlding. Seni qamashmaydi, sud ham qilishmaydi, hukm aniq, ijro qilinsa bas.
— Biz bir paytlar doʻst edik, Fedya?
— Bir paytlar otang onangga uylangan edi? Qani u? Doʻstligimiz ham shunaqa. Sen meni oʻldirmoqchi eding. Oʻshanda doʻstligimizni eslamading-ku?
— Oʻzing-chi? Oʻzing ham meni oʻldirmoqchi boʻlmadingmi? Xullas, oshnam, hisob-kitobimiz toʻgʻri.
— Yoʻq, Zelya, sening hisob-kitobing oʻtmaydi bu oʻyinda. Endi sen qoyilmaqom qilib oʻlishni oʻyla.
— Otasanmi, chopasanmi yo qiymalaysanmi?
— Oʻzingga ma’qulini tanla, menga baribir. Seni qishlogʻingdagilar koʻmib boʻlishgan. Endi birov seni qidirmaydi.
— Unda meni... ot. Bir oʻq bilan tinchit.
— Yaxshi, otaman. Bitta oʻq yetsa yetdi, boʻlmasa sendan oʻnta oʻqni ham ayamayman.
— Faqat... qishlogʻim atrofida ot. Chirisam oʻsha yerda chiriy.

Fedya bu gapni eshitib, baralla kulib yubordi.
— Vey, ahmoq, qaerda chirishingning nima ahamiyati bor? Yoʻq, men seni uzoqqa sudrab bora olmayman. Sen jon doʻstim, chirishdan qoʻrqma. Chirishga ulgurmaysan. Seni qiynamaslikning chorasini koʻrib qoʻyganman. Otamizu ustingdan kislota quyamiz. Sening oʻrningga qishlogʻingda Zelixon deb koʻmilgan ahmoq chiriyversin.
— Bilib qoʻy, seni Xongirey tinch qoʻymaydi.
— Xongireyni koʻndiradigan odamlar bor. Sen bu yogʻidan xavotir olma. Xongirey ham odam, u ham hisob-kitobli dunyoda yashaydi.

Zelixon orqadagi yigitlarga qarab qoʻyib jilmaydi.
— Nimaga tirjayyapsan? — dedi Fedya.
— Shunaqangi osongina oʻlib ketamanmi, deb oʻylamovdim. Fedya, sen bilan menga oson. Vaqti yetsa oʻlib ketaveramiz. Bu dunyoda bir-ikki kunlik oʻynashlarimizdan boshqa hech kimimiz yoʻq. Oʻlsak, birov achinib yurmaydi ham.
— Sening hech kiming yoʻqdir. Mening esa onam bor.
— Onangmi?.. Oʻlganingni eshitib onang quvonib ketsa kerak.
— Shunaqa degin?.. Xotirjam boʻl, onam hali-beri quvonmaydi. Men hali koʻp yashayman. Bu dunyo maishatlariga hali toʻyganim yoʻq.
— Fedya, sen menga nomardning ishini qilyapsan. Oʻlimim oldida senga bir gap aytay, bu yigitlar chiqib turishsin. Qoʻrqma, qochib ketmayman.

Fedya bir oz oʻylangach, yigitlarga «chiqinglar» degan ma’noda ishora qildi.
— Fedya, — dedi Zelixon, yolgʻiz qolishgach. — Bir masalada kelishib olsak, oʻzingga yomon boʻlmaydi. Qamalishimdan ilgari bankni oʻmarganimni bilasan-a? Aybni boʻynimga qoʻyishdi, lekin pulni topa olishmadi, buni ham bilasan, a? Men senga oʻxshagan kissavur emasdim. Katta-katta topardim. Bu ham ma’lum senga. Qishlogʻimga nima uchun keldim, buni bilasanmi? Yoʻq, bilmaysan. Men oʻgʻirlikni yigʻishtirib, tinchgina yeb-ichib yotmoqchi edim. Bu pul mening yetti avlodimga yetib ortadi. Menga nasib etmaganga oʻxshaydi. Men shu pulni deb yashadim, endi mendan keyin chirib uvol boʻlmasin. Yarmiga kelishsak, qaerdaligini aytaman.
— Yarmini nima qilmoqchisan?
— Yarminimi?.. Bir doʻstim bor, oʻshanga olib borib berasan.
— Aldayotgan boʻlsang-chi?
— Seni aldashdan foyda bormi, menga? Kechgacha oʻyla, bilib qoʻy, sen buncha pulni umringda koʻrmagansan. Yana bir gap: kechgacha bu oʻtirishda siqilib oʻlmaylik. Agar mendan choʻchisang, oyoqlarimni bogʻlab qoʻy. Ammo yoʻlga chiqquncha bir maishat qilaylik. Agar taklifimga koʻnsang, kechqurun yoʻlga chiqsak, ertalab yetib olamiz. Agar insof qilsang, marjaning toʻshagiga kirib chiqishga ruxsat berarsan.

Fedya yigitlarni chaqirib Zelixonni stulga oʻtqazdi-da, oyoqlarini bogʻlatib qoʻydi. Valya stol ustiga aroq, kolbasa, non, piyoz, tuz keltirib qoʻyib, yotogʻiga kirdi-da, eshikni zanjirlab oldi.

Fedyaning oʻzini erkin tutishi, Valyaning bulardan qoʻrqmayotganidan Zelixon bildiki, bu ishlarga Xongireyning ijozati bor. «Xongireyning nozik bir joyidan ushlashganga oʻxshaydi. Boʻlmasa u meni osonlikcha bermas edi, — deb oʻyladi Zelixon. Keyin birdan fikri charaqlab yorishdi: — E, ha, Xongirey, azizim, menga yaxshilik qilaman, deb yomonlikni ravo koʻribsan-ku? Qishlogʻida oʻlib ketmasin, besh-oʻn kun Sochida yayrab olsin, deding-mi? Buning uchun oʻz oʻynashingni qoʻshdingmi, menga? Eh, Xongirey, shu masalada chechenga oʻxshamading. Qishlogʻimda oʻlganim, odamga oʻxshab koʻmilganim yaxshi emasmidi?..»

Zelixonning muqobilida oʻlim toʻrlari tashlangan qorongʻi yoʻlakdan oʻzga yoʻl yoʻq. Istasa-istamasa hademay oʻlimning shirin suvini ichmogʻi joiz. Oʻlim uni bagʻriga olmoqqa shay. Faqat yana qancha soat yoki daqiqadan soʻng, qaerda oladi — faqatgina shu masala hal etilsa bas. Zelixon Fargʻonada ekanida oʻlim bilan yuzma-yuz kelmoq dahshatini his etgan. Toʻgʻri, oʻzi aytganiday, oʻlimi hech kimni larzaga solmaydi. Agar Fedyaning gapi rost boʻlsa, kislota bilan kuydirilsa, bu dunyoda jasadi ham, nomi ham qolmaydi. Chechenning bir avlodi tomiri bilan uzilib, yoʻq boʻladi. Xudo bu oilaga bittadan oʻgʻil berayotuvdi. Zelixonga buni ham ravo koʻrmadi. Endi bu urugʻ quridi hisob... Zelixon buni avval ham koʻp oʻylagan, oila qurishni reja qilgan, ammo oʻy oʻyligicha, reja rejaligicha qolib ketavergan. Agar shu kelishida qishlogʻida tinch-omon yashab qolsa, oila qurarmidi, Xudo unga ham oʻgʻil berarmidi...

Zelixon maishat qilish istagini bildirgan boʻlsa-da, tomogʻidan hech narsa oʻtmadi. «Nasibamni yeb-ichib boʻlganman, shekilli?» deb oʻyladi u. Shu asnoda soʻnggi luqmani yuta olmay jon berayotgan bobosi koʻz oldiga keldi.

Fedya katta qadahni toʻldirib ikki-uch koʻtarishda boʻshatdi. U topshiriqni qaerda, qachon, qay holda bajarish xususida aniq koʻrsatmaga ega boʻlsa-da, Zelixonning taklifi uni ikki yoʻl qarshisiga keltirib qoʻygan edi. Har qanday odamning fikrini oʻgʻirlash jozibasiga ega boʻlgan pul Fedyaning nozik qitiq patlarini oʻynay boshlagan edi. Umri faqat pul oʻmarish dardi bilan oʻtayotgan odam katta boylik haqidagi xabarga e’tiborsiz qarashi mumkinmi? Pul, boylik — goʻzal bir sanamki, uning toʻshagida orom olmaguncha koʻngil tinchlik bermaydi. Pul, boylik — oʻrgimchak toʻri kabiki, kishi koʻzi ochiq holatda bu toʻrni koʻradi, oqibatda bu toʻr azobga giriftor qilajagini biladi, bilsa-da, yoʻldan qaytmaydi, toʻr ortidagi goʻzal sanamdan hech boʻlmasa bittagina oʻpich olish ilinjida tinchimaydi.

Fedya hozir tinchini yoʻqotdi. «Aldayotgan boʻlsa-chi?» degan savolga «aldasa ham oʻladi, aldamasa ham oʻladi. Sochida otdim nima-yu, qishlogʻida otdim nima?» deb oʻziga tasalli berdi.

Fedya qistayverganidan keyin Zelixon ham ichdi. Vujudi qizib, oʻlim vasvasasidan uzoqlasha boshlaganday boʻldi. Shunda roʻparasidagi zulumot yoʻlagida bir chiroq yilt etganday boʻldi. «Panoh bor,— dedi u oʻziga oʻzi.— Xongirey saqlay olmasa, saqlaydigan odamlar topiladi. Odam topilmaganda ham, men soʻlagi oqib yurgan noshud bola emasman-ku!»

Fedyaning marhamati bilan Zelixon Valyaning yotogʻiga kirib chiqqach, yoʻlga otlandilar. Tuni bilan yoʻl yurib, tongotarda manzilga yaqinlashdilar. Yuqoriga oʻrlagan togʻ yoʻlida Zelixon sergaklandi. U orqa oʻrindiqda, ikki yigit oʻrtasida, Fedya esa haydovchining yonida oʻtirardi. Yigitlar ham, Fedya ham mudrashardi. Zelixon haydovchini ham uyqu eltayotganini sezdi. Mashina tik jarlik yoqasidan oʻtayotganida Zelixon tavakkal qildi: qaddini koʻtarib rulga yopishdi-da, mashinani jarlik sari burdi.

U tasodif bilan tirik qolarman, deb fikr qilgan edi. Tasodif yuz bermadi. Ammo Xudoning unga rahmi keldi — jasadi kislota bilan kuydirilmay, ota yurti tuprogʻiga qoʻyildi. Faqat nasli nasabi noma’lum odam sifatida dafn etildi...

XXI bob

1

Onasi unga: «Umid bilan yashagin, qizim, Xudo xohlasa hammasi yaxshi boʻlib ketadi», deb qayta-qayta uqtirdi. Zaynab onasini ranjitmaslik uchun «xoʻp» deb qoʻya qoladi. «Nimaga umid qilay, nima yaxshi boʻlib ketadi?» deb oʻziga oʻzi qayta-qayta savol beradi. «Mening umidlarim allaqachon jon bergan, koʻmilgan. Yoki hayotda bir umid oʻlgach, boshqasi tugʻilishi mumkinmi? Yurak shunaqa bevafomi? Oʻzi yillab ardoqlab kelgan bir umidni boʻgʻib, boshqasiga joy beraveradimi? Men endi nimaga umid qilay? Yana homilador boʻlishni, tugʻishni... bola oʻstirishnimi? Hayot shundangina iboratmi? Tugʻilasan... tugʻasan... oʻlasan...»

Zaynab yolgʻiz qolgan kezlari koʻpincha shularni oʻylardi.

U toʻlin oy va osmon singari topishmoqni istagan edi. Endi osmoni toʻlin oysiz tund boʻlib qolgan damda nimaga umid qilsin? Bu osmonga yangi oy chiqishigami? Bu osmonga yangi oy yarasharmi ekan?

Zaynab onasigagina achinardi. Oʻlmay qolganini ham onasining baxtidan deb bilardi. «Xudo onamni avaylab, meni u uchungina saqlab qoldi», deb oʻylardi. Keyingi yuvoshligi, moʻ’minligi ham onasi tufayli edi. Onasi aytgani uchun, oyogʻi tortmasa-da, Elchinga qoʻshilib keldi.

Oradan kunlar oʻtar, Elchin goʻyo Zaynabning oʻsha gapini unutganday, yoʻq, xuddi eshitmaganday edi. Na bir harakatida, na bir gapida oʻsha voqeaga ishora qildi. Bu Elchin uchun oson emasdi. Oʻsha gap uning yuragidan tosh boʻlib joy olgan, bu toshni eritish esa mushkul edi. Zaynabning nima sababdan shunday deganini anglash uchun koʻp oʻylardi. «Balki xiyonat qilgandir, lekin buni aytishdan maqsadi nima?» degan savolga javob topish uchun xayolning ming bir koʻchasiga kirib chiqardi.

Elchin hadeb uyda oʻtirmaslik uchun madaniyat uyiga ishga kirdi. Musiqa toʻgaragiga nomigagina rahbar edi, aslida toʻyma-toʻy yuruvchi guruhi bilan shugʻullanardi. Shart shu ediki, madaniyat uyi biron tadbir oʻtkazsa, ular havaskor ishchilar sifatida ishtirok etib berishardi. U Zaynab oʻziga kelib olsin, degan fikrda boʻsh kunlari ham «ishga ketyapman», deb uydan chiqib ketardi. Uning navbatdagi yanglishishi ham aynan shu edi.

Zaynab uchun yolgʻizlik azob sahrosida sarsari tentirash kabi edi. Garchi Elchin bilan boʻlganida yuragi ezilib tursa-da, uning koʻchaga chiqishini istamay qolgan, ammo «men bilan uyda oʻtiring», deyishga tili bormas edi. Faqatgina Mardona keladigan kunigina Elchinning chiqib ketishini xohlardi. Faqat Mardonagina unga lazzat olib kelardi. Mardona kelishidan bir kun avval uning vujudi zirqiray boshlardi. Hamshira kelib, emlagach, ogʻriq taqqa toʻxtar, yuragidan gʻubor ham koʻtarilardi. Mardonadan qiziq-qiziq hangomalarni eshitib, miriqib kulardi.

Elchin Mardonani dastlab koʻrganidayoq yoqtirmay qolgan edi. Oʻrni kelsa aytaman, deb yurgan kezlari uyga kiyimini almashtirgani kirdi-yu, Zaynabning shodon kulgisini eshitdi. Bu kulgi Elchin uchun tansiq edi. Shu bois hamshiraning kelishiga monelik qilish fikridan qaytdi. Bu uning yana bir navbatdagi yanglishishi edi.

Mardona endigi kelishida emlab boʻlganidan soʻng, Zaynabning bahri-dili ochilgan damda sumkasidan videokasseta chiqardi.
— Bir tanishimnikiga kiruvdim, zoʻr kino deb berdi. Birga koʻrmaymizmi, qanaqa balo ekan? — dedi u. Zaynabga bu taklif ma’qul keldi. Chunki uyidagi kassetalarni uch-toʻrt martadan koʻrib boʻlgan edi.

Bir necha daqiqadayoq filmning «qanaqa balo» ekani ma’lum boʻldi. Mardona toʻxtatarmikin, degan ma’noda Zaynabga oʻgʻrincha qarab qoʻydi. Dori ta’siridan aqliga qulf urilgan, lazzat bulogʻida choʻmilayotgan juvon televizorni oʻchirmadi. Mardona har ehtimolga qarshi:
— Voy oʻlayin, voy sharmanda! — deb qoʻydi.

Zaynab unga qarab bir kulimsiradi-yu, yana tomosha bilan ovora boʻldi.

Nomi «chet el badiiy filmi» boʻlgan bu tomoshada kishi aqli bilan oʻylab topish mushkul boʻlgan behayolik, sharmandalikning beadad turlari mavjud edi. Film oʻrtalaganda Mardona Zaynabga yaqin surildi. Avval yelkasiga oʻng qoʻlini tashlab oʻziga tortdi. Soʻng chap qoʻli bilan koʻkragini ushladi. Zaynab bir siltandi-yu, keyin dugonasining qiligʻi yoqib, qarshilik bildirmadi.

Bu holva edi.

Bundan beshbattari filmdan soʻng boʻldi.

2

— Eringiz toʻydami? — deb soʻradi Mardona.
— Ha,— dedi Zaynab entikib.
— Bir joyga bormaymizmi?
— Qayoqqa?
— Soʻramang. Eringiz maishat qilganida siz ham bir ayshingizni sursangiz, osmon uzilib yerga tushmas.
— Yoʻq, shu yerda oʻtiraveraylik.
— Men sizga yomonlikni ravo koʻramanmi? Xohlamasangiz oʻtiravering, men ketdim. Oʻzim boraman. Buni koʻrganimdan keyin joyimda yota olmayman.

Zaynab oʻylanib qoldi. Ammo bu oʻy aqlga urilgan qulf zulfini buza olmadi. Itoatkorlik bilan oʻrnidan turib, kiyimini oʻzgartirdi. U hozir choʻpon yetovidagi qoʻy holiga kirgan edi. Uning koʻngli nimanidir tusardi, u nimagadir yetishmoqni istardi. Oʻsha «nimadir» uning xayolini oʻgʻirlagan, fikrlash yoʻllarini tamom toʻsib tashlagan edi. Oʻsha «nimadir» tomirida qonni gupirtirib oqayotgan qoradori ekanini, koʻrgan tomoshalari esa ruhini loyqalatib tashlaganini hozir idrok eta olmas edi.

Ular katta koʻchaga chiqishib, yoʻlovchi mashinani toʻxtatishdi. Mashinada Mardona uning belidan mahkam quchib bordi. Mardona aytgan koʻchaga burilgach, haydovchi «qayoqqa yuray?» deb soʻradi.
— Hammom oldida toʻxtating,— dedi Mardona amr ohangida.

Mashina toʻxtab, Zaynab tushgach, Mardona haydovchiga:
— Yarim soatcha poylab tura olasizmi? — dedi.
— Puliga chidasangiz, ertalabgacha ham turaveraman,— dedi haydovchi.
— Qoyilman, oʻgʻil bola! — dedi Mardona.
— Zakalat tashlab keting,— dedi haydovchi.

Mardona sumkasidan pul olib unga uzatdi:
— Sizdaqa oʻgʻil bola kerak menga, keyin gaplashib olamiz. — Mardona shunday deb bir koʻzini qisib qoʻydi.

Ular hammomning hovuzli boʻlmasiga kirdilar. Mardona patta ham olmadi. Birovdan «kirsak boʻladimi, boʻshmi?» deb soʻrab ham oʻtirmadi. Oʻz uyida yurganday toʻgʻri kirib bordi. Zaynab «qanaqa joy bu oʻzi?» deganday atrofga bir alangladi. Odamlarning e’tiborsiz turganini koʻrib, indamay dugonasiga ergashdi.

Ichkari kirib, eshik zulfini solgach, Mardona stol ustida yopigʻliq oq dasturxonni yigʻdi. Zaynab tayyorlab qoʻyilgan yemak-ichmakni koʻrib ajablandi. Mardona esa pivoni shartta ochib ikki piyolaga quydi-da, manzirat qilib oʻtirmay, ichib yubordi. Soʻng:
— Bu yerda pivo yaxshi ketadi,— deb labini yaladi.

Yechinib, issiqxonada oʻtirdilar. Bu yerda ham Mardona uydagi qiligʻini qildi. Bu safar uning harakatlari avvalgiday xush yoqayotgan boʻlmasa-da, Zaynab qarshilik koʻrsatmadi. Soʻng hovuz labiga borishdi. Bu yerda ham Mardona uning oq badanini ehtiros bilan silab, kutilmaganda suvga itarib yubordi. Keyin qiyqirib kulganicha oʻzini hovuzga otdi. Ikki dugona ancha vaqtgacha qiyqirib, bir-birlariga suv sepib oʻyin qildilar. Suvdan chiqishgach, Mardona Zaynabning yelkalarini silab:
— Buni qara, kumushdek tovlanib ketding. Bunday badan katta otarchiga xayf...— dedi.

Issiqxonadan soʻng salqinroq suvga tushib, ruhidagi loyqa tina boshlagan Zaynab bu gapni eshitib, yengil seskandi.

«Kumushdek... tovlanib ketding...»

Mardona bu gapni aytganda Kumushbibini nazarda tutmagan boʻlsa-da, Zaynabning koʻz oldida oʻzi sevgan, yillar boʻyi qalbining toʻrida ardoqlab-asragan moʻ’mina ayol gavdalandi. Shu asnoda aqlini bandi etib turgan qulf buzilib, nimalar qilganini idrok eta boshladi. Idrok etgani sayin oʻzidan oʻzi nafratlanaverdi. Mardona undagi oʻzgarishni sezib:
— Hm, oʻrtoqjon, nima boʻldi? — deb soʻradi.
— Issiq yoqmadi shekilli,— dedi Zaynab bir oz dovdiragan holda.— Men chiqib tura qolay.
— Mayli, men yana bir shoʻngʻib chiqaman,— Mardona shunday deb yana pivodan simirib, oʻzini suvga otdi.

Zaynab tez-tez kiyinib, tashqariga chiqdi. Nima qilarini bilmay dovdirab turganida mashina signali chalinib, haydovchining:
— Men bu yerdaman,— degan ovozini eshitdi.

Zaynab avvaliga «sen kimsan?» deganday unga ajablanib qaradi. Soʻng bu yerga shu mashinada kelganini eslab, tez-tez yurib borib, oʻtirdi-da, «ketdik», dedi.
— Opoxonimiz-chi? — dedi haydovchi.
— Uni qaytib kelib, olib ketasiz.
— Puliga chidasalar boʻldi. Qaytib kel, desalar qaytib kelaveraman. Qayoqqa qarab hayday?

Zaynab uyiga qaytsa, Mardona izma-iz yetib kelishidan xavotirlanib, ota hovlisiga bormoqni ixtiyor etdi.

3

Mardona ertasiga qoʻngʻiroq qildi.
— Ha, oʻrtoqjon, nima boʻldi? — dedi u oʻpkalanib.

Zaynab uning ovozini eshitdi-yu, yuragi hapriqib, yuzlari qizarib ketdi.
— Sal mazam qochdi,— dedi u sovuqroq gapirishga harakat qilib. U kechagi voqeadan soʻng Mardonani koʻrishni istamay qolgan edi. Mardona uning muomalasidagi sovuqlikni sezsa-da, quvnoq ohangda davom etdi:
— Shunday zoʻr maishatdan quruq qoldingiz. Mayizdek boʻlib borardik. Otasi oʻpmagan yigitlarni koʻrardingiz. Siz uchun bugun boshqatdan tashkil qilamiz.
— Yoʻq, yoʻq,— dedi Zaynab.— Kerakmas. Meni bunaqa ishlarga... boshlamang. Umuman... endi biznikiga kelmang.
— Kassetamni olgani borsam-chi?
— Kasseta?.. Men uni majaqlab, axlatga tashlab yubordim.
— Shunday jonon narsani-ya! — Mardona kuldi. Zaynab goʻshakni qulogʻidan uzdi. Ammo joyiga qoʻymadi.
— Oʻrtoqjon, eshityapsizmi? Mayli, kelma, desangiz bormayman. Lekin uch kundan keyin mensiz turolmay qolasiz. Meni oʻzingiz chaqirasiz.

Bu gapni eshitib Zaynab ajablandi-da, goʻshakni qulogʻiga olib bordi:
— Uch kundan keyin? Nimaga?
— Uch kundan keyin dorini qoʻmsaysiz.
— Qanaqa dorini?
— Oʻshanda bilasiz. Men ginachi emasman. Telefon qilsangiz, yetib boraman. Tortinmay chaqiravering.

Bu gapdan keyin Mardonaning nima demoqchi ekanini anglaganday boʻlib, Zaynab qoʻrqqanidan titrab ketdi. Bilagidagi igna izlariga qaradi. «Yoʻq, yoʻq, boʻlishi mumkin emas», deb oʻziga oʻzi tasalli berdi. Lekin uning bu tasallisi oʻlib oʻlayolmay, tuzalib tuzalayolmayotgan bemor kabi edi. U endi ana shu oʻlim toʻshagidagi tasalli bilan kuch yigʻayotgan navqiron gumonga asira boʻldi.

«Hali hammomdan chiqqach, yana bir sharmandalikka boshlab borar ekan-da?! Maqsadi nima uning? Nahot meni shunday sharmandalik koʻchasidan qaytmas juvon deb oʻylasa? Nahot meni buzuq deb oʻylasa?! Oʻzi-chi? Oʻzi shu qadar buzuqmi? Men shu buzuq bilan apoq-chapoq boʻldimmi? Hatto opa-singil tutinishni fikrladimmi? U mening kimligimni biladi-ku? Nahot bu shaharda Asadbekdan choʻchimaydigan bir buzuq topilsa?» Zaynab shularni oʻylab, otasiga aytmoqni ham fikr qildi. Biroq, otasining qahridan qoʻrqdi. Yana arqonni picha uzun tashlamoqni, Mardona bilan yakka oʻzi olishib koʻrmoqni lozim topdi. «Shunday bir shilta bilan olishib yenga olmasam, men Asadbekning qizi emasman!» deb qoʻydi. Shunday deb katta ketgan boʻlsa-da, Mardona aytgan uch kunning oʻtishini xavotir bilan kutdi. Tasalli bilan gumonning hayot-mamot jangi shu uch kun badalida hal boʻlishi kerak...

Uchinchi kunga oʻtar kechasi uyqusining tayini boʻlmadi. Endi koʻzi ilinganida bosinqirab uygʻonib ketaverdi. Bir mahal qattiqroq baqirib yuborib, Elchinni ham uygʻotdi. «Nima gap, tinchlikmi?» degan savolga «bosinqirabman», deb qisqa javob bera qoldi. Elchin charchab kelgani sababli xotinining holatiga e’tibor bermay yana uyquga ketdi.

Asad oyining oʻn beshi. Kunduzi quyosh taftidan horigan osmonga toʻlin oy hukm oʻtkazadi. Zaynab bosinqirab uygʻonganida Oy deraza roʻparasiga kelib, hobgohni nurga belay boshlagan edi. Zaynab chalqancha yotib, Oyga tikildi. «Oy qachondir bir gunoh qilib yuzi sharmandalikdan dogʻ boʻlgan ekan. Necha ming, balki million yildan beri bu dogʻni ketkiza olmaydi. Balki Oy odamlardan uyalgani uchun ham faqat kechasi chiqar? Men-chi? Bir qadam qolgan ekan-a... Meni Kumushbibining ruhi saqlab qoldimi? Shundaydir. Balki derazadan tushayotgan nur Oyniki emas, Kumushbibi ruhining nuridir? Qani edi shunday boʻlsa. Qani edi, Kumushbibining ruhi oʻzimni, uyimni sadoqat, poklik nuri bilan oʻrab, himoya qilsa. Qani edi. Otabek begimning ruhi erimning yuragiga muhabbat otashini bersa... Otabek bir tugʻilib qolgan ekan. Endi Otabeklar yoʻq. Kumushbibimning zaharlanib oʻlgani bir jihatdan durust boʻlgan ekan. Agar dunyo aylanib hozir tugʻilsamidi... Hozir tugʻilsa Kumushbibi boʻla olmasdi. Oʻzi aytmoqchi, Tuproqbibi boʻlarmi edi... Xuddi menga oʻxshab... Men Tuproqbibi emasmanmi axir?..» Shu kabi xayollar oqimiga berilgan Zaynab yana mudradi. Sal oʻtmay yana uygʻondi. Shu tarzda xavotirlanib kutgani uchinchi kunga yetdi. Ammo xavotiri oʻrinsiz chiqdi. Vujudida oʻzgarish sezmadi. Mardonani la’natladi. Koʻngliga sevinch oftobi moʻraladi. Lekin bu sevinch nuri qora bulutlar chokidan asta qarab qoʻygan oftob misoli aldamchi edi.

Kun asr vaqtidan oʻtganida hovli qizib, oʻtirib boʻlmaydigan darajaga yetdi. Zaynab ichkari kirib salqin xonadagi oʻrindiqqa yonboshlab, televizorni yoqdi. Keksaroq bir baxshi doʻmbira chertib doston aytardi. Zaynab baxshilarning ovozini xirillatib aytishlarini yoqtirmas edi. Shu tufayli televizorni boshqa kanalga olmoqchi boʻldi. Biroq, baxshining tilidan uchgan bayt uni toʻxtatdi:

Xazon boʻlgan bogʻda gul soʻlarmikan,

Soʻlgan gulga bulbul kep qoʻnarmikan...

«Aqlli gap ekan,— deb oʻyladi u.— «Soʻlgan gulga bulbul kep qoʻnarmikan...» Xuddi men haqimda aytilganga oʻxshaydi.»

Baxshi «Barchin» ismini tilga olgach, «Alpomish» dostoni aytilayotganini fahmlab, diqqat berib tingladi.

«...Lochin qoʻngan toʻshimga qargʻani qoʻndirmayman...»

Barchin tilidan aytilgan bu gap Zaynabni larzaga soldi. Salqin uyda havo yetishmaganday tuyulib, tashqariga chiqdi. Yuziga issiqlik seli urilib, yanada loxas boʻlib, iziga qaytdi. Baxshi doʻmbirani shitob bilan chertib, doston aytardi.

«...Lochin qoʻngan toʻshimga qargʻani qoʻndirmayman...»

«Lochin kim? Erimmi? Yoʻ-oʻq... u lochin boʻla olmaydi. Bu toʻshga lochin qoʻnmay oʻtdi. Qargʻa qoʻndi...»

Zaynab Jamshidni eslab, yuragi ezildi. Yurak toʻlgʻogʻini kutib turganday vujudi ham zirillay boshladi. Zaynab asabini tinchlantirish uchun xapdori ichib yotdi. Vujudi bir oz orom topganday boʻldi. Baxtiga eri bugun toʻyga ketmadi. Birga ovqatlanib, soʻng gaplashib oʻtirishdi. Zaynab saboqdosh toliba dugonalarini sogʻinganini, mehmonga chorlash niyati borligini aytdi. Elchin bu fikrni ma’qullab, «qoʻlbola osh bizdan», deb koʻnglini koʻtardi.

Mardona aytgan holat yarim tunda toʻsatdan boshlandi. Zaynab bezgak tutganday titrardi. Koʻngli aynib oʻqchirdi. Elchin qaynonasini bezovta qilgisi kelmay, «tez yordam»ga qoʻngʻiroq qildi. Tabib kelib, lozim tekshiruvini oʻtkazgach, bir bilakdagi igna izlariga, bir Elchinga qarab yelka qisdi. Elchin uning nima demoqchi ekanini anglab, bosh chayqadi-da:
— Yaqinda kasalxonadan chiqdi. Hamshira kelib emlab turibdi,— dedi.
— Qanaqa dori, koʻrishim mumkinmi?
— Hamshira dorini oʻzi olib keladi,— dedi Zay-nab ingrab.
— Emlaganidan keyin yengil tortarmidingiz?
— Ha.
— Nima ekan u? — tabib oʻylanib, gardanini qashidi.— Agar istasangiz kasalxonaga olib ketay?
— Doʻxtir, bu Asadbekning qizi,— dedi Elchin, uning qulogʻiga shivirlab.
— Men uchun buning hech bir ahamiyati yoʻq. Men kasal koʻrgani kelgan odamman,— u shunday deb qutisini kavlashtirib dorilarni tanlagach, Zaynabni emladi-da, ketishga hozirlandi.— Tinchlantiradigan dori berdim. Hozir uxlaydi.

Elchin uni koʻchaga qadar kuzatib chiqdi.
— Men sizni tanidim,— dedi tabib, xayrlashish uchun qoʻl uzatib.— Menga shuning oʻzi kifoya edi. Asadbekni eslatib, oʻzingizni pastga urdingiz. Dard «bu Asadbekning qizimi?» deb surishtirmabdi-ku, toʻgʻrimi? Nima uchun shifo surishtirishi kerak ekan? Past ketmang, hofiz ogʻayni, sira past ketmang.

Elchin mulzam boʻlib qolaverdi. Uyga qaytib kirganida Zaynabning titrogʻi ancha kamaygan, nafas olishi ham moʻ’tadillashgan edi. Elchin uning ustidagi choyshabni tortib, toʻgʻrilagan boʻldi-da, oʻzi divanga yonboshladi.

Zaynab uygʻonganida vujudini nimadir bosib turganday his etdi. Tungi bezgak xuruji chekingani uchun ogʻirlikka parvo qilmaslikka tirishib, oʻrnidan turdi-da, choy qoʻydi, nonushta tayyorladi. Elchin xotinining harakatlariga qarab «ancha tuzuk», deb oʻylasa-da, baribir soʻradi:
— Oyingni chaqiraymi?
— Oʻzim chaqiraman. Yoʻq, uyga borib kelaqolaman.
— Unda olib borib qoʻyaman.
— Yoʻq, ketavering, birpasdan keyin boraman.
— Seni dorilar ham qiynab qoʻydi chamamda. Ba’zi dardlarni badanning oʻzi ham yengib tashlaydi. Hadeb dori ichib qiynash kerakmasdir.
— Toʻgʻri aytasiz, Mardonaga boshqa kelmang, deganman.
— Dugona sifatida kelaverishi mumkin.
— Yoʻq, yoʻq, u menga qanaqasiga dugona boʻlsin. Shunchaki... hamshira.

Zaynab ezgin kayfiyatda boʻlgani sababli Elchin gapini kalta qila qoldi. Ishga otlana turib:
— Bugun rayonda kontsertlarimiz bor. Oyingnikiga borsang, yotib qolaver. Ertalab oʻzim xabar olaman,— dedi.

Zaynab itoatkorlik bilan «xoʻp» dedi. Eri ketgach, uyni yigʻishtirib, onasinikiga otlanayotganida yana bezgak titrogʻi xuruj qildi. Bu safar oyoq-qoʻli akashak boʻlib qoldi. Bu holatidan oʻzi ham qoʻrqib ketdi. «Endi oʻlaman shekilli?» deb oʻyladi. Bu oʻy uni holi qoldirmay turib, xayoliga Mardona keldi. Azob iskanjasidagi Zaynabga Mardona najot farishtasi kabi koʻrindi. Uning koʻz oldida shilta qiliqlar qilayotgan juvon emas, jilmayib turgan bokira qiz sifatida koʻrindi. U bezgak titrogʻiga ortiq dosh berolmay, telefon raqamini terdi. Mardonaning ovozini eshitib, azroil jonini qaytib berganday suyundi.
— Tez keling, kelmasangiz oʻlaman,— dedi titroq ovozda.
— Sabr qiling, jonim, hoziroq yetib boraman,— dedi Mardona.

Chindan ham u tez yetib keldi. U kirganida Zaynab uy burchagida gʻujanak boʻlib olgan, bir nimadan qoʻrqqanday titrardi. Mardona uni qoʻlidan ushlab turgʻazib, soʻng divanga yotqizdi. Zaynab unga moʻltillab qaradi.
— Yonimda dori yoʻq,— dedi Mardona sovuq ohangda.
— Nimaga? — dedi Zaynab.
— Dori beradigan odam «oʻzini olib kel», dedi.

Zaynab avvaliga bu gapning mazmunini anglamadi. Tushungach, koʻzlarini katta-katta ochib:
— Menga berayotganingiz qoradorimidi? — deb soʻradi.
— Nima deb oʻylovdingiz? — dedi Mardona kulib.— Emlagandan keyin mazza qilardingiz-ku? — Shunday deb Zaynabning koʻkragiga qoʻl yubordi.

Zaynab oʻzida qandaydir kuch topib, bu qoʻlni urib yubordi-da, oʻrnidan turdi:
— Hayvon! Fohisha! Yoʻqol! — deb baqirdi.

Mardona zaharli jilmaydi.
— Betahorat benamozni boʻyniga qoʻygan ekan. Men oʻz xohishim bilan kelmadim. Siz chaqirdingiz, haydasangiz ketaman. Ammo keyin yalinsangiz ham qaytmayman. Oʻylab koʻring, koʻchada mashina kutyapti. Bir necha lahzada yetamiz. Ogʻriqlardan qutulasiz. Rohatlanasiz. Rohat oʻrniga azobni yaxshi koʻrsangiz, nima derdim, men ketdim...

Zaynab Mardona darvozaga yetguniga qadar chidadi. Soʻng ogʻriqqa ortiq bardosh bera olmay baqirdi:
— Toʻxtang!

Mardona darvoza ostonasida toʻxtadi. Zaynab esa buzuqlik ostonasida oʻzini toʻxtata olmadi. Uning ostona hatlashi Asadbekning Krasnoyarda kasalxonaga yotgan kuniga toʻgʻri keldi.

XXII bob

1

Mashina oʻrnidan jilganida biqiniga ikki musht tushgach, Anvar oʻzini u yoq-bu yoqqa urishning foydasi yoʻqligini, haqiqat talab qilsa yana musht yemogʻi mumkinligini fahmlab, tinchidi. Uning gʻazabdan yonayotganini tez-tez nafas olishigina oshkor etib turardi.

Mashinadan tushib oʻzini notanish jinnixonada koʻrdi-yu, hayratlandi. Qabriston yaqinida jinnixona mashinasi kutib turganidan u ajablanmagan edi. Gʻazab otashida yonayotgan boʻlsa-da, bu ishni Xolidiy ustalik bilan uyushtirganini tushungan edi. «Yana eski tos, eski hammom», degan fikrda oʻzini avvalgi jinnixonada koʻrarman, devdi. Boshqa jinnixona uning uchun kutilmagan zarba boʻldi.
— Nimaga meni bu jinnixonaga olib keldinglar?— deb soʻradi u, yetaklab kelayotgan yigitdan.
— Senga atab qurilayotgani hali bitmabdi,— dedi yigit doʻngʻillab.
— Men toʻgʻrilikcha soʻrayapman.
— Men qiyshaytiribroq aytyapman.
— Odam emas ekansan.
— Haligi musht kamlik qildimi?

Anvar uning basharasiga bir qarab olib «Turqi sovuq odamdan iliq gap chiqarmidi», deb qoʻydi.

Tibbiy tekshiruv naridan-beri oʻtkazildi-da, ikki oshyonli imoratning birinchi qavatidagi toʻrt kishi yotishiga moʻljallangan xonaga boshlab kelishdi. Deraza yonidagi karavotdan tik turib olib oʻng qoʻlini olgʻa choʻzgan bemor Anvar kirib kelishi bilan unga qarab xitob qildi:
— Yashasin, sovet jinnilari, ura! — Shunday degach, u quvonib chapak chaldi-da, indamay turgan Anvarga oʻshqirdi: — Sen nima uchun olqishlamayapsan? Sen sovet jinnilariga qarshimisan? Ha, ha, sen jinni dushmanisan! — U shunday deb barmogʻini bigiz qilganicha karavotidan tushayotgan edi, Anvarni kuzatib kelgan yigit unga qarab baqirdi:
— Joyingga qayt, qimirlama! Bu ham oʻzingdan, dushman emas. Gʻiring desang, yeysan!

Xitobchi barvasti mushtni koʻrgach, nafasi qaytdi. U, garchi esi ogʻib qolgan boʻlsa-da, mushtning qadrini bilar edi.

Xonadagi yana ikki bemor indamaslar toifasidan ekan. Kuzatuvchi chiqib ketgach, xitobchi yana Anvarga qaradi:
— Men bilan kommunizmga bormaysanmi?

«Bitta arbob, ikkita indamas jinni hamkorligida yana qayoqqa borish mumkin?» deb oʻyladi Anvar. Savolga javob berguday boʻlsa bu «arbob»dan qutula olmasligini bilib, oʻzini indamaslar safiga qoʻshishni ma’qul koʻrdi. «Arbob» bir-ikki savoliga javob ololmagach, oʻzi bilan oʻzi ovora boʻlib qoldi.

Kechki ovqatdan soʻng dori-darmonlarni qabul qilishgach, hamxonalari odobli bolalar kabi yotib, uyquga ketishdi. Anvar ham yotdi, ammo ostiga tikonli toʻshak solinganday orom topmadi. Avval qaddini koʻtarib oʻtirdi. Soʻng turib, dahlizga chiqdi. Navbatchi hamshira oʻrnida barvasta, yonogʻida tukli xoli bor ayol katta daftarga nimadir yozib oʻtirardi.
— Nimaga chiqding, kirib yot,— dedi u qoʻpollik bilan.
— Uyqum kelmayapti, bugun olib kelishdi meni. Kelajagi porloq jinnilardan boʻlsam kerak. Qoʻrqmang, qochib ketmayman.
— Qochib goʻrga borarmiding, bor kirib yot, boshimni ogʻritma.

Avvalgi jinnixonada ham navbatchi hamshira uni kirib yotishga undagan edi. Ammo bu tarzda emas, yalinish ohangida iltimos qilib edi. Shunda Anvar unga bir she’r aytgan, u «yaxshi she’r ekan», deb bir oz suhbatlashgan edi. Anvar garchi bu xotindan yaxshi gap chiqishiga gumonda boʻlsa-da, oʻsha she’rni oʻqigisi keldi:

Bahorda gurkirab avj olgan chechak,

Soʻlar xoh istama, xohi sen ista.

Unga yor na oʻtmish, na-da kelajak,

Tuproqqa jo boʻlib ketar ohista.

Shuning-chun soʻnggi bor kuylaydi qumri

Bilmam ne marsiya, bilmam ne vola.

Hey, mening umrimdir chaqmoqning umri

Bir chaqnab mahv boʻlsam chekmagin nola!

Navbatchi yozishdan toʻxtab, unga gʻalati qaradi:
— Nima balo, shoirmisan? — deb soʻradi, she’r oʻqib boʻlingach.
— Yoʻq, jinniman,— dedi Anvar istehzo bilan.
— Jinniliging bilinib turibdi, kirib yot dedim senga.

Anvar «xoʻp boʻladi» dedi-da, orqasi bilan yura turib yana bir toʻrtlik oʻqidi:
— Yomgʻirdan soʻng ochildi bogʻlar,

Endi yellar girdikapalak.

Astagina titrar yaproqlar,

Xayr dema, beozor malak...

Navbatchi ayol soʻnggi satrni notoʻgʻri anglab, qoʻlidagi qalamni taq etib stol ustiga qoʻydi-da, oʻrnidan turdi:
— Qani, kir ichkariga, deyapman! Hali men senga malay boʻldimmi, huv turqing qursin!

Anvar bu yer she’r oʻqiydigan, hazillashadigan joy emasligini anglab, shoshib ichkariga kirdi. Navbatchi hamshira eshikni ochib, to u joyiga yotgunicha qarab turdi.

Anvarga alam qildi. Aslida u yurakni siqayotgan iskanja azobidan bir damgina boʻlsa ham qutularman, degan niyatda dahlizga chiqqan edi. Avvalgi jinnixonada aynan shunday boʻlardi. «Bu yer nima oʻzi — jinnixonami yo qamoqxonami?» deb oʻyladi u.

Alamdan holi boʻlmoq uchun xayolini chalgʻitishga urindi. Qoʻlini bolish qilib, chalqancha yotganicha oʻy oʻyladi: «Uyimga xabar bergani kim borgan ekan? Har holda «eng kichik ilmiy xodim»ni yugurtirishadi. U bechoragina boʻynini qisib turib mingʻirlaydi. Nima deydi? «Ishda birdan kasallari tutib qoldi», dermikin yo... ha, «ustozlarining oʻlimidan qattiq qaygʻurdilar» der. Shunday degani durust, shunisi sal obroʻliroq. «Bir oz dam olsin, davolansin, deb kasalxonaga («jinnixonaga» demaydi) joylashtirishdi» deydi. Deydi-yu, zipillab iziga qaytadi...»
— Ha, aynan shunday boʻldi.

Anvar tanish ovozni eshitib, sergaklandi.
— Kim bu? — dedi pichirlab.
— Tanimadingmi? Asqar akangman.
— Siz?..
— Men seni koʻrgani keldim. Meni ham shu yerda sen kabi «davolashgan».
— Navbatchi xotinni taniysizmi?
— Tanimay-chi? Agar uni mol desang, dunyodagi barcha mollar haqoratga chiday olmay «meni kelib-kelib shunga oʻxshatdingmi», deb oʻzini osadi.
— Sizning she’ringizdan oʻqigan edim, tushunmadi.
— She’rni xor qilma, uka.
— Odamlar nima uchun bunday tuygʻusiz boʻlib ketishyapti?
— Buni anglashing uchun yonimga kelishing kerak. Men bilan sening olaming boshqa.

Haqsizlikni koʻrsam qalbim bozillar,

Vo darigʻ, mum tishlab turar fozillar.

Esingdami bu satrlar? Fozillar nechun mum tishlaydilar, anglab yetmadingmi? Sen aqlli yigitsan. Doʻstlar uchun ming bir fazilating ham kam, dushman uchun bir fazilating ham koʻp ekanini bilasan. Odam bu dunyoga yalangʻoch keladi. Ketishida oʻzi bilan hech nima olmaydi. Ololmaydi. Unga ikki quloch surp, ikki quloch yer kifoya. Hech narsasiz kelib, hech narsasiz ketishini bilsa ham bir chimdimgina umrida boylik talashadi, amal talashadi, obroʻ talashadi. Sen Xudoga shukr qil. Biz bunday bachkana narsalardan ustun turdik.
— Men bir koʻhna kitobda oʻqiganman: kimiki oʻz nafsini xor tutsa, Xudo uning qadrini oshirarkan. Kimki oʻz nafsini izzat qilsa, Xudo bandalari oldida uni xor qilarkan.
— Ayni haqiqat bu. Eshit:

Koʻkdagi qush pastdan luqma izlaydi,

Pastda sayyod ov qilmoqni istaydi.

Gʻalati bu manzara.

Samodagi tuzoq nima ham bilmagay,

U hech kimga itoat ham qilmagay

Bir qara-ya, bir qara.

Angladingmi? Endi yoʻlga otlan. Sen bilan mening joyim samolarda.
— Samolarda? Yerda-chi? Bunda kim kurashadi? Kim adolat uchun boshini tikadi? Siz aytgan edingizki «Nafsi yomon katta baliq ogʻzin ochib, yutdi kichik baliqlarni daryoda hey...» Shunday boʻlib qolaveradimi? Ayting?

Nechundir javob boʻlmadi. Anvar ajablanganicha qaddini koʻtarib atrofga alangladi. Asqar Qosimning ovozi oʻrniga hamxonalarining xurragi eshitilib, entikdi. «Men chindan shoir bilan suhbatlashdimmi yo alahsirab oʻzim bilan oʻzim gaplashdimmi? Asqar aka nimaga da’vat etdi? Yo nurdan elchi boʻlib keldimi?»
— Sen oʻzing bilan oʻzing gaplashding. Biz elchi yubormaymiz.

Anvar tanish ovozni eshitib, shoshilganicha derazaga qaradi: derazadan nur poyandoz kabi tushib turardi.
— Nima uchun meni yoʻldan qaytardingiz? Asadbeklar bilan ketganimda bu koʻrgilik yoʻq edi.
— Bu bizning istagimiz emas, taqdiring shunday. Taqdirdan hech yoqqa qochib qutula olmaysan. Sen endi bu dunyoda yashay olmasligingga amin boʻldingmi? Senga soʻnggi imkoniyat beramiz. Istasang, ustozing Hikmat Oʻrolov bilan uchrashtiramiz.
— Istayman.
— Nurga oyoq qoʻy.

Koʻz ochib yumgunicha Anvar oʻzini safolik boqchalari bor goʻzal manzarali bir yerda koʻrdi. Hikmat Oʻrolov favvora yonida oʻtirardi. U qoʻlidagi kitobni qoʻyib, oʻrnidan turdi:
— Oʻ, azizim, sizni koʻrganimdan bagʻoyat xursandman. Qarang, ilohiy osoyishtalikka ham yetishdim.
— Sizni oxir-oqibat yedi, u maraz! — dedi Anvar.
— Unday demang, azizim. Men xursandman. Xudo jonimni doʻstlarim qoʻli bilan emas, gʻanimlarim qoʻli bilan olganidan ham quvonaman. Dushmaning qoʻlidan qazo topmoq ham bir baxt, azizim.
— Bu gapingizda jon bor. Muhimi — siz jallodingiz umridan koʻproq umr koʻrasiz.
— Yanglishmang. Hali ular koʻp yashaydilar. Ular omadli odamlar. Eshitmaganmisiz, omadli odamlarning xoʻrozi ham tuxum qilarkan. Bilasizmi, arablar qahva ichishayotganda nima deydilar? Ular der ekanlarki, birinchi qultum achchiq — hayot kabi, ikkinchisi— lazzatli — muhabbat kabi, uchinchisi — sirli — oʻlim kabi. Biz uchchala qultumni ichib boʻldik. Sirning tagiga ham yetdik. Endi navbat sizniki.
— Siz ham meni chorlaysizmi?
— Boshqa yoʻl yoʻq-ku?
— Har bir odam tugʻilganidayoq oʻlimga mahkumdir. U umri boʻyi hukmning ijrosini kutib yashaydi. Har kuni bir oʻlib, bir tiriladi. Hukm qay holda, qachon ijro etiladi — Xudo biladi.
— Hukm ijrosini tezlatmoq mumkin.
— Shoshilmang. Men hali bir masalani hal qilib olishim kerak.
— Qanday masala? Balki birga yecharmiz?
— Masala shuki, odam bolasi har bir narsani oldindan bilishni istaydi. Koʻp narsalarga oldindan tayyorgarlik koʻradi. Ammo oʻlim onlarini kam oʻylaydi, kam tayyorlanadi. Xoʻsh, soʻnggi nafas qanday boʻladi? Nahot odam bu bilan qiziqmasa? Birinchi nafas, koʻz ochib dunyoni koʻrish oʻz ixtiyorida emas. Ammo soʻnggi nafasiga tayyorlanishi mumkin-ku? Pokiza holda ketadimi bu dunyodan yo harom holidami — oʻziga bogʻliq-ku?
— Siz, azizim, masalaning bu tomonidan xotirjam boʻling. Sizning safaringiz xayrli, bu olamga pokiza holda kirib kelasiz. Qoʻying, u gʻovak qamishlarni, balchiqqa belanib yashayverishsin. Siz bagʻrimizga keling.

Hikmat Oʻrolov shunday deb koʻzdan yoʻqoldi. Anvar nur oqib kirayotgan deraza roʻparasida yolgʻiz qoldi. Yoʻq, u yolgʻiz emasdi. U bu dunyoni tark etgan yaxshilarning ruhi bilan birga edi. Bunday holat uch kun takrorlandi. Uchinchi kuni ovqat ham yemadi. Chanqaganini ham sezmadi. Behalovat tunda yana tanish ovozni eshitdi. Yana derazadan nur oqib kirdi.
— Oʻrningdan tur, choyshabni ol. Uzunasiga yirtib, arqon qilib esh. Hojatxonaga chiq. Derazadagi temir panjaraga arqonning bir uchini bogʻla. Bir uchini sirtmoq qil. Uch-toʻrt daqiqa kifoya. Biz seni butunlay olib ketamiz. Istasang xat yozib qoldir. Xolidiyni aybla. U tinchini yoʻqotsin...

Ovoz tindi. Ammo Anvarning ruhiga egalik qilayotgan shaytoniy his uni oʻrnidan turishga, choyshabni olib yirtishga undayverdi. Nihoyat, u oʻrnidan turdi-da, choyshabni olib yirtdi. Arqon qilib eshdi. Soʻng eshik tomon yurdi. Ostonaga yetganida iziga qaytdi. Qogʻoz-qalam olib yozdi. Gʻira-shirada yozayotgan xatlari beoʻxshov chiqayotganligiga e’tibor bermadi.

Tasodifni qarangki, uning yozganini oʻsha — yonogʻida tukli xoli bor navbatchi hamshira birinchi boʻlib oʻqidi:

Boshginamga agʻanagan, katta togʻlar, alvido!

Men ketarman hasratlanib, ruhi sogʻlar alvido!

Bu dunyoning shoʻrishiga navnihollar tebraning,

Esliroq bogʻboni yoʻq, qoldi bogʻlar alvido!

        Asqar Qosim.

Hamshira buni oʻqib, tushunmay yelka qisdi-da «qiziq, gʻirt jinni ekan-ku», deb qoʻydi.

XXIII bob

1

Chuvrindi, Asadbek tayinlamasa ham ertalab, kechqurun Manzura, Kesakpolvon, kechqurun esa oʻz uyidagilar bilan telefonda gaplashib turar edi. Krasnoyarga kelishganining sakkizinchi tuni kutilmaganda Chuvrindi bilan Jalil qoʻngan uyning telefoni jiringladi. Mehmonlarning xizmatini qilib yurgan yigit Chuvrindini uygʻotib, bir ayol shoshilinch soʻrayotganini aytdi. Chuvrindi Manzuraning ovozida xavotirni sezib, sergaklandi.
— Maskovdan doktor Xudoyor degan bir kishi telefon qildi. Olmondan keldim, deydi. Oʻgʻillaringizga taalluqli gapim bor, deydi. Bu gapini faqat akangizga aytarmish. Yuragim yorilib ketay deyapti.

Manzura soʻnggi soʻzlarini yigʻlamsirab aytdi.
— Xavotirlanmang. Bolalar biror zarur gap ayttirib yuborishgandir. Oʻgʻil bolaning faqat otasiga aytadigan gapi ham boʻladi, bilasiz-ku. Bu yoqqa kelishdan avval gaplashdik-ku. Bir oyda borarmiz deyishuvdi, shu safar mashmashasidur-da.
— Kim bilsin, yuragim oʻynab ketyapti. Akangizga nima deymiz?
— Oʻsha odam telefonini bermadimi?
— Voy, berdi, yozib olasizmi? — Manzura aytdi, Chuvrindi yozib oldi. Keyin «hozirning oʻzida gaplashamiz» deb tinchitgan boʻldi. Chindan ham oʻsha zahoti Moskvadagi raqamni terdi. Doktor Xudoyor degani xonasida yoʻq edi, javob boʻlmadi. Chuvrindi yana ikki qayta qoʻngʻiroq qilgach, Manzurani tinchlantirish maqsadida uning raqamini terdi. Manzura telefon yonidan jilmagan edi, bir jiringlashdayoq goʻshakni koʻtardi. Chuvrindi: «Doktor Xudoyor bilan gaplashdik. Bolalar sogʻ, tijorat maqsadida bir gap ayttirib yuborishgan ekan. Shu oy ichi kelishga tayyorlanishayotganmish», deb Manzurani tinchitdi. Ammo oʻzi xavotirli savollar toʻriga oʻraldi. Yana Moskva raqamini terdi. Javob boʻlmagach, Kesakpolvonga qoʻngʻiroq qilib, ogohlantirdi.

Chuvrindi oltinchi urinishda Moskva bilan bogʻlana oldi. Goʻshakdan salobatli ovozni eshitgach, beixtiyor ravishda salom berdi.
— Vaalaykum salom, marhabo afandim,— degan javobni eshitgach, oʻzini tanitib, bu zotning tasodifiy qoʻngʻirogʻidan bir oz xavotirga tushganlarini ham ma’lum qildi.
— Uzrimni qabul eting, afandim,— dedi doktor Xudoyor.— Aytilajak omonat gapim Asadbek janoblarining oʻzlarigagina atalgani sababli ul janobning ahli ayollariga aytmoqni lozim topmadim. Ammo bilingizkim, xavotir olmogʻingizga aslo asos yoʻqtur. Aytajak gapimning ma’nosi xayrli kechajakdir. Asadbek janoblari lutf qilib buraya kelsalar edi, choʻx goʻzal boʻlurmi edi, afandim. Mening-da safarim uch kundan soʻng xalos boʻlajak.
— Oʻzbekistonga kelmaysizmi?
— Oh, Oʻzbekiston qalbimdadir, ammo bormogʻimga ijozat yoʻqtur. Afsuslar chekurman.

Chuvrindi bu gapdan soʻng ezmalanib oʻtirmadi. Bugun yoki ertaga yetib borajaklarini ma’lum qilishi bilan u tomonda goʻshak joyiga ilindi. Chuvrindi doktor Xudoyorning kimligini bilmasa-da, uning Ovrupo odatlari ruhida tarbiya topgan oʻzbeklardan ekanini fahmladi. Chuvrindi yana Kesakpolvonga qoʻngʻiroq qilib, Olmoniyadan kelgan vatandoshning yurtga kelishi uchun ijozat olish mumkinmi yo yoʻqmi ekanini aniqlashni topshirdi. Kesakpolvon buni Asadbekning topshirigʻi sifatida qabul qilib, ishga hoziroq kirishajagini aytdi. Tun yarmidan oqqan boʻlishiga qaramay, Chuvrindi Kozlovga ham qoʻngʻiroq qildi. Bularning olamida tunmi, kunmi, odam xastami yo sogʻmi— farqi yoʻq, zarur gap chiqdimi, telefon qilinadi yo izlab topiladi. «Sen meni tunda uyqumni buzding» yoki «xastaligimda bezovta qilding» degan gaplar boʻlmaydi. Chuvrindining mezbonga bemalol qoʻngʻiroq qilishi shu yozilmagan qoida asosida edi.

Kozlov ovoz berib, bir esnab olgach: «Eshityapman, gapiravering», dedi. Chuvrindi doktor Xudoyorni Oʻzbekistonga kelishi uchun ruxsat olish masalasini hal etish mumkinmi, deganda «noʻ problem», deb gapini kalta qildi.

Tongga yaqin avval Kesakpolvon, soʻng Kozlov qoʻngʻiroq qilishib bu masalani yechish aslo mumkin emasligini aytishdi.
— Moskvada turganining oʻzi katta gap ekan,— dedi Kozlov.— Bunaqa siyosatga aralashmaganinglar ma’qul. Ularning hisob-kitoblariga bizning tishimiz oʻtmaydi.
— Unda bugunoq Moskvaga uchishimiz kerak.
— Yaxshi, uch kishiga buyurib qoʻyaman.
— Moskvaga Bek akam bilan uchamiz. Jalil akani uyiga yuboramiz.
— Noʻ problem. Mahmud, bilib qoʻy, kecha vrach bilan gaplashdim. Asadning kasali jiddiy. Yaxshi davolanmasa uzoqqa bormasligi mumkin, degan taxminlari bor. Moskvada olib qolib, oʻsha yerda davolash kerak. Men u yerdagi odamlarimga tayinlab qoʻyaman.

Ish jadallashib ketdi. Uch soat deganda Chuvrindi bilan Asadbek tushgan tayyora Moskvaga qarab uchdi. Jalilni esa Kozlovning yigitlari peshindan soʻng kuzatadigan boʻlishdi. Jalil tungi qoʻngʻiroqlardan bexabar, doʻstining «tuzalib qolganidan» mamnun boʻlib, «bularning Maskovda bitadigan ishi bordir, xira pashshaday yuramanmi orqalaridan» deb uyga yolgʻiz qaytishga koʻndi.

Asadbek oʻzini bir don choʻqib, bir atrofga xavotir bilan alanglab qoʻyadigan musichaga qiyos qilardi. Oʻgʻillarim oʻzimga oʻxshab umr boʻyi qil koʻprik ustida yashashmasin, deb bolaliklaridan oʻqishlariga jiddiy e’tibor berdi. Yuqori sinfga chiqishgach, qoʻshimcha muallimlar yolladi. Oʻgʻillarini sira ham oʻzining ishlari, tashvishlariga yaqinlashtirmadi. Oldinma-keyin maktabni bitirgan oʻgʻillarining Moskvada oʻqishlarini istadi. Soʻng, Germaniyaga borib oʻqish imkoni tugʻilgach, hech ikkilanmay joʻnatdi. Manzuraning xavotirlariga ham, injiqliklariga ham parvo qilmadi.

Bolalarini ikki yildan beri koʻrmagan edi. Bu yozda ta’tilga kelishlarini kutayotgandi. Doktor Xudoyorning kutilmagan tashrifi, garchi u xayrli gapni va’da qilgan boʻlsa-da, Asadbekning tinchini olgan edi. Xastalik sababmi yo ikki yillik sogʻinchmi, uning halovati buzilgandi.

Ertalab Chuvrindidan voqeani eshitgach, doktor Xudoyorga oʻzi qoʻngʻiroq qilmoqchi boʻldi. Hatto telefon goʻshagini koʻtarib, dastlabki raqamlarni terdi ham. Keyin «bu telefonda gaplashadigan gap emas» yoki «Men Olmoniyadan kelib, senga gap aytaman desamu sen telefonda oliftagarchilik qilasanmi?» deb qolsa yaxshi boʻlmas, degan fikrga kelib, shashtidan qaytdi. Hozir goʻyo osmon ham, undagi tayyora ham qimir etmay turgan kabi tuyulib, yuragi siqildi-yu, qoʻngʻiroq qilmaganiga afsuslandi. Keyin: «har holda yaxshi gap aytarkan-ku, yomon xabar boʻlsa bir uchini chiqarardi...» deb oʻziga oʻzi tasalli berdi. Tayyora bekasi nonushta bilan siylagach, mudroq bosib, suyanchiqni pastlatdi.

Tayyora Asadbekning jismini Krasnoyardan tobora uzoqlashtirayotgan boʻlsa-da, xayoli uni iziga qaytarardi. Avvaliga uni qabriston boʻsagʻasida oʻsha qariya qarshiladi. Qarshiladi-yu, bosh chayqadi. «Men sening kimligingni bilaman. Shuning uchun soʻramadim. Sen esa: «Nima uchun soʻramadi-ya?» deb oʻylab ham koʻrmading» dedi. Asadbek «Men tijorat bilan kun koʻraman», dedi. Qariya bosh chayqadi. «Tijorat — daraxtning barglari. Daraxtning tanasi bor, oziq oladigan ildizlari bor. Sendan qoʻrqaman. Sendaylar mana shu qamoqda bizlarga kun bermas edi». Qariya shunday deb teskari qaradiyu koʻzdan gʻoyib boʻldi. Soʻng... oʻt bosgan qabrlar orasida otasi koʻrindi. Bir qoʻlida chana, bir qoʻli bilan imlab chaqiradi:
— Kelaqol toychoq, chanada uchiraman,— deydi.
— Hozir yoz fasli, chanada uchilmaydi,— deydi Asadbek.
— Kelaver toychoq, uchiraman. Esingdami, oxirgi koʻrishganimizda senga chana olib kelgan edim. Ammo uchirolmadim. Shu mening armonim. Kel, armonim ushalsin.
— Qishda kelaman, uchirasiz.
— Kel, albatta kelasan, uchiraman. Samandar ham shu yerda, onang ham shu yerda. Hammamiz bir boʻlib uchamiz... Kel toychoq, kelaqolgin...

Koʻkatlar yamlab yutganday otasi yoʻq boʻldi.
— Ota!..

Asadbekning nafasi qaytdi.
— Bek aka, Bek aka...— Chuvrindi yelkasiga asta turtib uygʻotdi.— Yomon tush koʻrdingizmi?
— Alahsiradimmi, baqirdimmi? — dedi Asadbek qaddini rostlab.
— «Ota!» dedingiz... Yarangiz yangilandi. Shunaqa tushlar koʻrib turasiz endi.

Tasalli uchun aytilgan bu gapni eshitib Asadbek bosh irgʻab qoʻydi. Soʻng bir oz sukut saqlab, Chuvrindidan soʻradi:
— Sen ham tushingda otangni koʻrasanmi?
— Yoʻq.
— Koʻrmaganing ma’qul.
— Nega?
— Hali yoshsan... Vaqtiki kelib otangni tushingda koʻrsangu, otang «kel bolam, otga mindiraman», desa ehtiyot boʻlaver.
— Siz... shunaqa irim-sirimga ishonasizmi? Men ishonmayman. Umuman... men otamni tushimda koʻrmasam kerak. Uning surati boʻlganida ham, uni sogʻinib, qoʻmsasam ham boshqa gap edi.
— Yoshsan, Mahmud, koʻp narsalarga aqling yetmaydi. Men Krasnoyarda bekor yotib oʻylay-oʻylay bir haqiqatning tagiga yetdim: biz bu dunyoda oʻzimizga xon, oʻzimizga bekmiz, deb kerilib yurarkanmizu, ammo oʻzimiz istagancha yashamas ekanmiz. Bizni qandaydir kuch boshqarar ekan.
— Xudomi?
— Balki Xudodir. Men buni bilmayman. Diniy ilmim boʻlganida senga aniqroq bir narsa aytardim. Qaytganimdan keyin Sobitxon bilan uchrashsak, undan soʻraydigan savollarni yigʻib qoʻydim.
— Borgunimizcha oyoqqa turib qolar. Doʻxtir «yurib ketishiga umid bor», devdi.

2

Moskvaga kun yoyila boshlagan mahalda yetib, qoʻnishdi. Asadbek ham, Chuvrindi ham tayyorada Kozlovning yigiti kuzatib kelganidan bexabar edilar. Kuzatuvchi ulardan avvalroq harakat qilib tayyoradan tushdi-da, zina oldida ularni qarshiladi:
— Koʻchada mashina kutib turibdi,— dedi u, ikkovini baravar ajablantirib. Soʻng koʻchaga chiqib, mashinaga oʻtirishgach, izoh berdi: — «Rossiya» mehmonxonasidan joy buyurilgan. Sizga kerakli mehmon ham oʻsha yerda shekilli, a?

Ular mehmonxonaga joylashishgach, Asadbekning yuvingani kirganidan foydalanib, kuzatuvchi yigit Chuvrindiga kimningdir ismi yozilgan bir shapaloqday qogʻoz berdi:
— Mana shu vrach ertaga soat oʻnda sizni kutadi. Zarur boʻlsa uy yoki xizmat telefoniga istagan paytda qoʻngʻiroq qilavering, ogohlantirib qoʻyganmiz. Mana bu Krasnoyardagi tibbiy xulosalar. Xoʻjayinga koʻrsatmas ekansiz, — u shunday deb qoʻlidan qoʻymay kelayotgan qogʻoz oʻramini uzatdi. — Men bir soatdan soʻng yana kelaman. Qaysi xonaga joylashganimni aytaman. Ketguninglarcha sizlarning xizmatingizda boʻlaman. Buyruq shunday boʻlgan.

Ular doktor Xudoyor bilan bir qavatdagi xonaga joylashgan edilar. Chuvrindi chiqib navbatchidan doktor Xudoyor kelishi bilan xabardor qilishini soʻradi.

Oradan bir yarim-ikki soatcha vaqt oʻtgach, doktor Xudoyorning xonasiga kirib ketgani ma’lum qilindi. Chuvrindi «men ham chiqaymi?» deganday Asadbekka qaradi. Asadbek ikkilandi. «Sen qolaver», desa koʻngli ogʻriydi, boshlab chiqsa-da, doktor Xudoyor «bu yolgʻiz oʻzingizga aytiladigan gap», desa yana noqulay. Asadbekni bu oʻngʻaysiz holatdan Chuvrindining oʻzi qutqardi:
— Restoranga tushib, besh-olti kishilik joy tayyorlab turaman,— deb oʻrnidan turdi.

Asadbek eshikni taqillatgach, ichkaridagi odam nemischalab nimadir dedi. Asadbek tushunmadi. Adashdimmi, deb iziga qaytmoqchi boʻlganida eshik ochilib, oʻrta boʻyli, qorachadan kelgan, tilla halli koʻzoynak taqqan oltmish yoshlardagi kishi koʻrindi. U Asadbekni koʻrishi bilan jilmaydi-da:
— Marhabo,— dedi,— fikri ojizimcha siz Asadbekdirsiz, a? Marhabo, janob, qalbimdasiz.

Asadbek salom bergach, ostona hatladi-da, soʻrashmoq uchun qoʻl uzatdi.
— Biz uchun vatandosh ila bundayin tarzda koʻrushmak choʻx uyatdur,— u shunday deb Asadbek bilan quchoqlashib, yuzini yuziga bosdi.— Sizdan Vatan havosi keladur, choʻx mamnundirman, afandim.

Doktor Xudoyor uni ichkariga boshlab kirdi. Asadbek joylashib oʻtirgach, oʻzini tanitdi:
— Afandim, sizni men bilurman. Choʻx goʻzal oʻgʻullaringiz vordur. Bir olmaning bir yuzi sizu yana bir yuzi farzandu arjumandlaringiz, demak mumkindir. Kamina doktor Xudoyor. Katta bobom Xudoyorxonning qulogʻiga azon aytmish ekanlar. Otam rahmatli shu voqeani unutmaslik maqsadi ila menga Xudoyor ismini bermish ekanlar. Men Turkiyada kamol topdim, soʻngroq Olmoniyaga ilm istab keldimki, hanuz shundadurman. Biofizika ilmini durust fahm etib, Olmoniyada xizmatdadurman. Moskvada olam olimlari konferans etmish ekanlar. Menda Olmon fuqarosi sifatida ishtirok eturman. Mening safarga otlanajagimni xabarlab janob Muzaffarxon bir oʻtinch qilibdurlar.
— Muzaffarxon? Kim u?
— Siz u zotni bilmaysiz?
— Yoʻq.
— O, u zot choʻx goʻzal insondur. Olmoniyadagi turkiylar orasinda choʻx e’tibori vordur. Vatandoshlar u zotni choʻx e’zoz eturlar. U zotning boyligi ham hisob bilmas. Sizning farzandu arjumandlaringiza janobning nazarlari tushibdur. Olloh Muzaffarxonga boylik barobarinda ikki qiz ham bermish. Muzaffarxon janoblari ikki oʻgʻlingiza oshiq boʻlub, ularnida kuyav oʻgʻul qilish ilinjida avval Ollohdan soʻngra siz janobdan izn soʻraydurlar. Janobingizni, alalxusus, sovchi desangiz-da ma’qul boʻlaverar,— doktor Xudoyor shunday deb jilmaydi.

Ertalabdan beri turli gumonu fikrlarga bandi boʻlgan Asadbek uchun bu taklif kutilmagan edi.
— Yuzma-yuz oʻtirib fikrlashmakka amr etilgani sababindan sizni bu yona chorladimki, ayb etmassiz. Agarchi bu taklifni ma’qul koʻrsangiz, siz ham, Muzaffarxon janoblari ham tashvishlardan xalos boʻlursiz. Ya’nikim, farzandlaringiz emin-erkin holda ilm olajaklar. Muzaffarxon esa qizlarini moʻ’min, solih farzandlarga beradur, qizlari Vatanda yashamoq sharafiga yetajaklar, inshoolloh.
— Javobni hozir aytishim shartmi? — dedi Asadbek.
— Yoʻq, aslo! — dedi doktor Xudoyor.— Bizning ixtiyorimizda bir kun vordur. Konferans ertaga xalos boʻlajak. Men indin sabox ketajakman.
— Oʻgʻillarimning bu gaplardan xabarlari bormi?
— Albatta. Ularda rizo. Siz rizo boʻlsangiz, barcha toʻyga hozirdur. Siz oʻylamangki, Muzaffarxonning qizlari Ovrupo qizlari kabidur, deb. Aslo, ular muslimadurlar. Oʻzbekchani soʻzlamaknida, urf-odatnida mendan durust bilurlar.

Doktor Xudoyor oʻrnidan turib stol ustidagi qogʻozlar orasidan ikki varagʻini olib, Asadbekka uzatdi:
— Bu Olmoniyaga da’vatdur. Rizo boʻlsangiz ahli ayolingiz kuzatuvida borursiz. Toʻyni avval atta qilurmiz. Rizo boʻlmasangizda borursiz, Olmoniyani tomosha etursiz. Siz istak bildirurmisizki, hozir telefon qilib Muzaffarxon ila soʻzlashmakka?
— Yoʻq, hozir emas. Ozgina oʻylab olay. Agar imkon boʻlsa, oʻgʻillarim bilan gaplashib olardim.
— Choʻx goʻzal fikr, afandim,— doktor Xudoyor telefon goʻshagini koʻtarib, Olmoniya bilan ulashlarini iltimos qilib lozim raqamni aytdi. Buyurma qabul etilgach, Asadbekka yuzlandi: — Toʻrt soat kutmogʻimiz zarur ekan.
— Unga qadar, mehmon, birga choy ichsak. Restoranda joy tayyor. Bir-ikki ogʻaynilarni ham taklif etavering. Uyga borganingizda-ku, boshqacha kutardik.
— Nasib... nasib...— dedi doktor Xudoyor.— Afandim, choy ichmakka men rizo. Faqat yuvinib olayin.

Asadbek yarim soatdan soʻng kirajagini aytib, xonasiga qaytdi-da, uyiga qoʻngʻiroq qildi. Manzuraning savollariga qisqa qilib javob bergach, doktor Xudoyorning yoʻqlovidan maqsadini aytdi.

Bu kutilmagan taklif Asadbekniki gangitdimi, Manzuraning ahvolini tasavvur etavering. Koʻcha-koʻydami, tanish-bilishlar orasidami chiroyli qizlarni koʻz ostiga olib yurgan, kelin tushirish, orzu-havas koʻrish umidida yashayotgan ayolning barcha moʻljallari bir gap bilan puchga chiqarilsa nima ham deya olardi? Qizining qismati kammidi unga? Endi oʻgʻillari chet eldagi qizlarga uylanishsa... Kelin boʻlmishlari xipcha bellarini tortib turgan shim kiyib kirib kelishsa... qonsiz yuzlariga obdon boʻyoq chaplashsa... ulama kipriklari siyrak qoshlariga tegib tursa. Supurgi nimaligini bilishmasa, oshxona nimaligini bilishmasa... Restorandan beri kelishmasa...

Manzura Muzaffarxonning qizlarini shunday tasavvur etib, badani jimirlab ketgan, shu bois eriga bir nima deya olmay jimib qolgan edi.
— Ha, nafasing qaytib oʻlib qoldingmi? — dedi Asadbek, jahl bilan.

Darrov javob qaytarmagani uchun Manzura bu qizlarni oʻzi topib, oʻzi bemaslahat kelin qilayotganday eridan baloga qoldi.
— Adasi, koʻrmasdan turib nima deymiz? Qoʻy oladigan ham bozorga borib, koʻrib oladi-ku? — dedi eridan eshitadiganini eshitib olgach.
— Hov, kalla bormi, senda? Bu amma-xolangning mahallasimas, qiz koʻrgani ikki koʻcha nariga borib keladigan. Ular Germaniyada turadi, dedim, tushunmadingmi?
— Tushundim, lekin...
— Lekin-pekinni qoʻy. Oʻgʻillaring bilan gaplashaman, xoʻp deyishsa, tamom, men ham koʻnaman.
— Adasi, bu umr savdosi...

Manzuraning gapi chala qoldi. Asadbek goʻshakni joyiga qoʻydi. Aslida qoʻngʻiroq qilishdan maqsadi xotini bilan maslahatlashish emas edi. Chunki bu, uning nazarida, xotin kishi bilan maslahatlashib pishiriladigan osh emasdi. Asadbek xotini xavotirda ekanini Chuvrindidan bilib, uni tinchlantirib qoʻymoqchi edi. Manzura bu qoʻngʻiroqdan soʻng bir tomondan tinchidi-yu, ammo ikkinchi tomondan tashvishi ortdi.

Va’daga binoan yarim soatdan soʻng Asadbek doktor Xudoyor joylashgan xona eshigini taqillatdi. Restoranga qadar yonma-yon yurib gaplashib bordilar. Restoran eshigiga yetganda doktor Xudoyor toʻxtab:
— Keching,— dedi.

Asadbek bu soʻzga tushunmadi.
— Siz oʻng tomondasiz, avval siz keching,— dedi doktor Xudoyor,— qoʻli bilan eshikni koʻrsatib. Shundagina Asadbek «avval siz oʻting», degan ma’noni uqib, ichkariga yoʻnaldi.

Chuvrindi deraza oldida olti kishilik joy hozirlab oʻtirgan edi. Doktor Xudoyor oʻtirgach, dasturxon ustidagi ichimliklarni koʻrib, Asadbekka ajablanib qaradi:
— Bular kimga?
— Bizga... sizga...— dedi Asadbek.
— Bular harom-ku? Siz... namoz qilmaysizmi?

Asadbek bu savoldan oʻngʻaysizlandi. Uni bu holatdan chiqarish uchun Chuvrindi suhbatga aralashdi:
— Bek akam shaharda katta masjid qurdiryaptilar. Bizga ham Xudo insof berib, namoz oʻqib qolarmiz.
— Astagʻfirulloh! — dedi doktor Xudoyor.— Masjid qurish savob, ammo farz emas. Avval farzni ado etmak joizdur. Ajabki, biz xristiyonlar yurtida yashab namoz qilamiz. Siz oʻz yurtingizda, musulmonlar yurtida yashab-da, namoz qilmaysiz. Siz Rasuli akram afandimiz janob Haqdan rivoyat etgan «menga bir qarich yaqinlashganga men bir arshin va bir arshin yaqinlashganga esa bir quloch yaqinlashgayman. Biron kimsa Men tomon kela boshlasa, Men ham unga peshvoz chiqaman», kalimasin eshitmagan chiqarsizlar? Ya Rabbim, gunohkor qullaringnida oʻzing avf etgaysan...

Asadbekning ishorasi bilan Chuvrindi oʻrnidan turib, ofitsiantni boshlab keldi-da, shishalarni, kolbasa qoʻyilgan likoplarni yigʻishtirdi. Unga qadar doktor Xudoyor indamay oʻtirdi. Dasturxon usti haromdan holi boʻlgach, tilga kirdi:
— Afandim, bunday as’asaga hojat nadir? Siz meni choyga taklif etib edingiz? Buncha narsa oʻn kishigada koʻpdir.
— Mehmonning izzati-da,— dedi Chuvrindi, Asadbekning oʻrniga javob berib.
— Insonning izzati isrof bilan oʻlchanmaydir, afandim. Izzat yaxshi ila, yaxshi sa’y ila ifodalanur. Buni anglamak joizdir.

Bir necha daqiqalik suhbatdan soʻng ma’lum boʻldiki, doktor Xudoyorning odobi ham, odati ham yevropalashgan. Manzirat, lutf, hilm degan tushunchalardan birmuncha yiroq. Nimani oʻylasa, shuni aytadi, suhbatdosh bu toʻgʻri gapdan ranjiydimi yoʻqmi — farqlamaydi. Har narsaga, hatto aytayotgan soʻzlariga ham iqtisod nuqtai nazaridan yondoshadi.
— Men bu oqshom sizlar bilan uzoq oʻtira olmasman, afandilar,— dedi u.— Har kuni ikki soat kitob ila yolgʻiz qolmakni har narsadan afzal bilurman. Yigirma daqiqadan soʻng sizlarni tark etajakman.
— Majlisdan soʻng dam olmaysizmi? — deb soʻradi Asadbek.
— Dam? Bunga hojat nadir? Siz menga ayting, janob Asadbek, Gorbachev qayta qurishni olam aro e’lon qildi. Boltiya davlatlari sovetlardan ajralib, mustaqil boʻlish arafasidadir. Oʻzbekistonda bunday harakat mavjudmi yoki yoʻqmi?

Asadbek «bu haqda sen gaplasha qol», deganday Chuvrindiga qaradi. Chuvrindi bu qarash ma’nosini anglab:
— Ha, bor,— deb javob berdi.
— U holda nechukkim, bizlar bexabarmiz?

Chuvrindi Orzubek haqida soʻz boshlaganda Asadbek «shuni gapirmasang boʻlardi» degan ma’noda qoshini chimirdi. Chuvrindi bu ishorani ham payqab gapini muxtasar qildi.
— Vatanga faqat muhabbat kerak. Vatanni yurakdagi muhabbat ila sevmas ekanmiz, u sahrodagi suvsiz nihol singari qurishga mahkum oʻlajak. Vatanga sizning muhabbatingiz boʻlak, biznikida boʻlak, azizlarim. Siz Vatan ichida yashab Vatandan ayrilgansiz. Bizning qalbimiz Vatan sogʻinchi ila tepar. Umrimiz xalos boʻlgach, ustimizga Vatan hajri kafanini yopajaklar,— u shunday deb soatiga qarab olgach, oʻrnidan turdi-da, boshini kiborlarcha egib ta’zim qildi.— Choʻx tashakkur azizlarim. Oqshomingiz xayrli oʻlsun.

Asadbek kuzatmoqchi edi, u unamadi. Odati yevropacha, gaplari oʻzbekcha-turkcha aralash boʻlgan bu odam Asadbekda yaxshi taassurot qoldirdi.

Ertasiga ertalab Asadbek shaharga chiqishga istak bildirmadi. Shuning uchun Chuvrindi Kozlovning yigiti aytgan vrachni yoʻqlab bordi. Vrach u keltirgan tibbiy xulosalar bilan tanishgach, oʻylanib qoldi:
— Xulosalar toʻgʻri — rakdan boshqa narsa emas bu. Oldi olinmabdi. Kechikdingiz, deb qoʻrqaman.
— Kechikdingiz? Qanaqasiga?! — Chuvrindi unga hayrat bilan tikildi. — Oʻn kun boʻlmadi boshlanganiga.
— Yoʻq, azizim. Kamida yarim yil avval boshlangan. Balki oʻtib ketadigan ogʻriq deb e’tibor bermagandir. Qiziq, oʻzingizda yaxshi mutaxassislar bor, Krasnoyarskka olib borib nima qilardingiz?
— Krasnoyarga ish bilan borgan edik. Ogʻriq zoʻrayib ketdi.
— Agar istasangiz, uni yotqizib yana bir qayta tekshiruvdan oʻtkazishim mumkin. Lekin bunaqa hollarda men achchiq boʻlsa ham haqiqatni aytishni lozim koʻraman.

Chuvrindi uning huzuridan ruhi ezilgan holda chiqdi. Krasnoyarda ekanida Kozlov xastalikning nomini aytganida bir choʻchib tushgan, ularning xulosasi xatodir, deb oʻylagan edi. Umid chinnisini shu vrachga ikki qoʻllab, ehtiyotlab koʻtarib kelgan edi. Endi bu chinni ham sindi.

Sindi?! Yoʻq!! Bittasi taxmin qildi, ikkinchisi tasdiqladi. Endi ellikka kirgan odam bir necha oyda qurib boʻlar ekanmi? «Yoʻq! Oʻntasi aytsin, mingtasi aytsin, baribir ishonmayman!» Chuvrindi shu xayolga kelib, qoʻlidagi qogʻozlarni burdalab tashladi. Yoʻlda bora turib Asadbekning tayyorada aytgan gaplarini esladi. «Nahot tushida ayon boʻldi?» deb oʻyladi. Bu oʻyni «tushga nimalar kirmaydi», deb shu zahoti boʻgʻib oʻldirishga intildi.

Mehmonxonaga qaytgach, notanish odamlarni koʻrib taajjublandi. Toʻrdagi oʻrindiqda xayolga berilib oʻtirgan Asadbek u kirishi bilan tanishtirdi:
— Sen bu kishini eshitgansan: Xongirey.

3

Xongirey deganlari qirq yoshlardagi, oʻziga oro berib kiyingan, barmoqlariga tilla uzuk taqqan odam edi. Chuvrindi uning chaqchaygan koʻzlarida bir yovvoyi kuch ilgʻadi. Asadbek uning sheriklarini tanishtirib oʻtirmadi.

Xongirey Chuvrindi qaytishidan sal oldinroq kirib kelgan edi. Asadbek u bilan ikki marta uchrashgan, garchi bir olamning fuqarosi boʻlsalar-da, oralarida yaqinlik yoʻq edi. Shu sababli uning toʻsatdan kirib kelishidan taajjublandi. Xongirey Asadbek bilan koʻrishayotganda oʻzini kiborlarcha tutdi. Avvalgi ikki uchrashuvda ham shunday boʻlgani uchun uning bu qiligʻidan ranjimadi.
— Asad,— dedi Xongirey, tik turganicha,— yaqinda mening eng yaqin odamim oʻldi. Uning vasiyatiga koʻra seni topdim. Marhumning vasiyati biz uchun qonun.
— Qani, oʻtir, Xongirey, tik turib gaplashishning xosiyati yoʻq.

Xongirey yumshoq oʻrindiqqa oʻtirib, oyoqlarini chalishtirdi.
— Akademikni eshitganmisan? U menga ustoz qatori edi. Ana oʻsha ajoyib odamni oʻldirib ketishdi.
— Kim?
— Kimligini oʻzim bilaman. Muhimi shuki, u qoʻlidan kelmaydigan ishni qilmoqchi boʻldi. U oʻlimi oldidan menga bir-ikki gap aytibdi. Zelixonning Elchin degan doʻsti bor ekan, sening yurtingda. Oʻsha oʻlmasligi kerak!

Bu buyruq ohangida, Asadbekning gʻashi kelib, zaharli iljaydi:
— Odamlaring yaxshi ishlamay qoʻyishdimi yo oʻzingni goʻllikka solyapsanmi? Elchin — mening kuyovim.
— Bilaman buni. Shuning uchun ham oʻlmasligi kerak. Bu — bir. Qamalmasligi kerak, bu — ikki. Xullas, uni birov chertmasligi kerak, bu — uch. Endi u bizning himoyamizdagi odam.
— Yaxshi. Shuni aytgani keldingmi?
— Yoʻq, boshqa gaplarim ham bor. Sen Kozlov bilan yaqinlashaverma. U bilan bitkazadigan ishni avval men bilan kelishasan.
— Haddingdan oshyapsan, Xongirey.
— Men hammaga ham yaxshi gapiravermayman, bu — bir. Hamma gapni ham oʻzim kelib aytmayman, yigitlarimdan ayttirib qoʻya qolaman, bu — ikki. Shundan bilki, Asad, men seni hurmat qilaman. Mayli, shu hurmat haqqi senga osilmayman. Lekin Kozlov mening ixtiyorimdagi odam boʻlishi kerak. Sen menga toʻsiq boʻla koʻrma.
— Men Kozlov bilan savdo-sotiq qilaman, boshqasi bilan ishim yoʻq. U senga tobe boʻladimi, katta xolasigami, menga baribir.
— Ha, ana, endi tushunib yetyapsan. Endi men aytgunimcha u bilan savdo-sotiq ham qilmay tur. Men oshni pishirib olay, keyin gaplashamiz.
— Buni oʻylab koʻraman.
— Asad, sen mening hurmatimga yarasha ish qil. Sening qoʻling kalta. Meniki esa uzun. Men bilan tortishma. Men istagan kuni butun urugʻing bilan qirilib ketasan. Sen bitta shaharga xoʻjayinsan. Men esam,— Xongirey derazadan koʻrinib turgan Kreml devorlariga ishora qildi,— hatto bu yerdagilarni ham oʻynatishim mumkin.
— Meni qoʻrqitma, Xongirey. Sening kuchingni bilaman. Lekin sendan qoʻrqmayman. Birovdan qoʻrqqan kunim oʻzimni oʻzim otaman.

Shu gaplarni aytayotganda eshik ochilib Chuvrindi kirib keldi.

Xongirey aytadigan gapini aytib boʻlgan edi. Shu bois oʻrnidan turib, xayrlashib chiqdi. U ketgach, Asadbek anchagacha indamay oʻtirdi. Chuvrindi «Xongirey nima uchun kelibdi?» deb soʻramadi. Agar Asadbek lozim topsa oʻsha gapni oʻzi aytadi. Lozim topmadimi, soʻrashning oʻzi ortiqcha. Chuvrindi Moskvaga kelib Asadbekning ikki siridan ogoh boʻla olmadi. U uchun doktor Xudoyorning suhbati ham qorongʻiligicha qoldi.

Restorandan qaytishgach, Asadbek Chuvrindini xonada qoldirib yana doktor Xudoyor huzuriga chiqdi. Telefonda oʻgʻillari bilan gaplashdi. Ularning toʻyga mayllari borligini bilgach, «onang bilan boramiz, kelmay turinglar», deb rizoligiga shama qildi. Chuvrindi Asadbekning Manzura bilan gaplashganidan ham bexabar, «doktor Xudoyorning gaplarini aytib, yangamni tinchitib qoʻysakmikin», degan edi Asadbek unga ola qarash qilib «yangang tinch oʻtiribdi», deb toʻngʻilladi.

Chuvrindi Xongirey chiqib ketganidan beri indamay oʻtirgan Bek akasiga achinib qaradi. Dardiga malham boʻlgisi keldi. Lekin bu oʻjar xojasi uni yaqin yoʻlatgisi yoʻq. Boshqa payt boʻlganida Chuvrindi bu holatga zoʻr ahamiyat bermas edi. Hozir, vrachning xulosasini eshitib kelgan choqda, garchi bu xulosaga ishongisi kelmasa-da, oʻzi uchun ota kabi yaqin boʻlmish bu odam dardiga befarq qaray olmas edi. U ora-sira Asadbekka zimdan, oʻgʻrincha qarab «nahot shunday odamning umri shu qadar qisqa boʻlsa?» deb oʻylardi.

Asadbek uning oʻgʻrincha boqishlarini sezib oʻtirardi. «Mendan gap kutyapti. Avval oʻzim oʻylab, pishitib olay, unga aytmasam, yana kimga aytaman?»
— Choy chaqirtiraymi? — dedi Chuvrindi uzoq choʻzilgan sukutdan betoqat boʻlib.
— Chaqirtir, tashqariga chiqqim yoʻq,— dedi Asadbek muloyimlik bilan.

Chuvrindi navbatchi ayolga pul berib, nimalar keltirish lozimligini aytgach, darrov iziga qaytdi. U ichkari kirishi bilan Asadbek qarorini ma’lum qildi:
— Tungi samolyotda qaytamiz. Tayyorgarlikni koʻrib qoʻy.
— Mehmon ertaga ketadi shekilli, kuzatmaymizmi?
— U manziratga tushunmaydiganga oʻxshaydi. Xafa boʻlmaydi. Sen hozir Haydar akangga qoʻngʻiroq qil, borgunimizcha bilib qoʻysin: Hosil yaqin orada Moskvaga kelib ketmadimi yo Xongireyning odamlari biz tomonlarga borib u xunasa bilan uchrashishmadimi?

Chuvrindi shu gapning oʻzidanoq Xongireyning maqsadini anglaganday boʻldi. Telefonga yaqin oʻtirishi bilan Asadbek qarorini oʻzgartirdi:
— Avval Kozlovni top menga. Haydarga keyin aytasan.

Kozlovni topish oson boʻlmadi. Chuvrindi Asadbek izlayotganini ma’lum qilgach, bir soatdan soʻng uning oʻzi qoʻngʻiroq qildi.
— Sogʻligʻing qalay? — deb soʻradi u Asadbekdan.
— Yaxshi. Hozir Xongirey bilan gaplashdim.
— Tushundim... Senga avvalroq aytishim kerak edi. Mazang qochgani uchun indamagan edim. Qisqasi, Hosil degan bilan aloqa qilishimni istayapti u. Men hech qanaqa Hosil deganni bilmayman, deb turibman.
— Sen u bilan oʻchakishma. Xoʻp, deyaver. Bu yogʻini menga qoʻyib ber.

Shu bilan masala hal boʻldi. Chuvrindi Kozlovning gaplarini eshitmagan boʻlsa-da, masalaning jiddiyligini, Hosilboyvachcha Xongirey bilan yaqinlashib, Asadbekni yiqmoq qasdida ekanini fahmladi.

Agar vrachning gaplari toʻgʻri chiqsa, masala aql bovar qilmas darajada jiddiylashadi. Chuvrindi uchun ham hayot-mamot masalasi koʻndalang tushadi. U Haydar akasi bilan birlashgan taqdirda ham Hosilboyvachchaga teng kelolmasligini biladi.

XXIV bob

1

Zohid ishga borayotib yoʻlda saboqdosh doʻsti Solmonovni uchratib qoldi. Qachonlardir ilm toliblari orasida Habib Sattorovning bir qanoti Zohid boʻlsa, bu doʻsti ikkinchi qanot edi. Ikkovlon ilmda toʻntarish yasash qasdida shoʻngʻishdi-yu, yarim yoʻlda Zohid fanga xiyonat qilib, adolat qasrini tiklashga yeng shimardi.
— Sening faqat basharang odamga oʻxshaydi. Mehr-oqibat tariqcha yoʻq senda,— deb gina qildi Solmonov.— Dissertatsiya yoqladim, kelmading. Loaqal telefonda tabriklasang ham mayli edi.
— Himoyang tushimga kiribdimi? Aytsang boraman-da,— Zohid shunday dedi-yu, Habib Sattorov bilan soʻnggi uchrashuvida domlasining «Solmonov oʻn sakkizinchida yoqlayapti» degan gapini esladi. Eslab oʻzidan oʻzi ranjidiyu, ammo doʻstiga sir boy bermadi.
— Melisaxonangga telefonda aytganman. Navbatchi milisa yozib olgan, eshitgansanu borging kelmagan.
— U yerdan ketganimga yaqinda bir yil boʻladi. Tabrikning erta-kechi yoʻq, hozir ham tabriklasam maylimi?
— Endi tabrigingni qizigʻi yoʻq. Uyga kelasan, yuzta-yuzta qilib keyin oʻylab koʻramiz. Men sendan xafa emasman. Habib akanikiga nima uchun kelmading, yo buni ham eshitmadingmi?
— Toʻy qildilarmi? Bundan ham bexabarman, rost. Qachonligi aniq esimda yoʻq, lekin ukalarini koʻruvdim. Indagani yoʻq. Habib aka Angliyadan keldilarmi?
— Yoʻq, hali. Domlaning oshigʻi olchi. Angliyadagi ilmiy ma’ruzalari tugaganidan keyin Amerikaga taklif etilganlar. Sen, ahmoq, rostdan ham bexabarga oʻxshaysan: domla toʻy qilganlari yoʻq, ukalari olamdan oʻtdi.
— Ukalari? Qaysinisi?
— Bilishimcha, ukalari bittagina boʻlsa kerak, tarixchi olim.
— Shu ukalarini koʻruvdim-da yaqinda. Nima boʻlibdi?
— Jinnixonada ekan, oʻzini osibdi. Ertaga ma’rakasi ekan. Balki Habib akam ham kelib qolarlar.

Ana shu noxush xabarning soyasi ostida xayrlashdilar.

Solmonov bu noxush xabarni odatiy hol kabi aytdi. U Anvarning jinni boʻlganu oʻzini osganiga ishona qolgan. Zohidda esa bu xabar taajjub uygʻotdi.

Ertasiga barvaqt turib Habib Sattorovning ota mahallasiga bordi. Oshni yeb chiqib hassakashlar orasidan Habib Sattorov bilan Elchinni qidirdi. Domlasi koʻrinmadi. Elchin esa uch-toʻrt ogʻaynisi bilan suhbatlashib turardi. Toʻgʻri bostirib borgisi kelmay, qator turgan odamlar safiga qoʻshilib, nigohini Elchindan uzmadi. Bir necha daqiqadan soʻng, Elchin shu tomonga beixtiyor qaragach, nigohlari toʻqnashdi.

Elchin ikkilanib oʻtirmay, davradan ajraldi-da, Zohidga yaqinlashib, salomlashdi.
— Bandalik ekan, oshnangizni ham berib qoʻyibsiz.

Zohid barcha uchun an’anaga aylanib qolgan ta’ziya soʻzlarini aytdi. Bunday hollarda qarshi tomon «Ollohning irodasi» deb qoʻyguchi edi. Ammo Elchin bu an’anaga zid ravishda qoshlarini chimirdi-da:
— Bandalikmi yo ahmoqlikmi? — dedi. Atrofdagilar bu gapdan ajablanib ularga qarashgan edi, Zohid odamdan xoliroq tomonga qarab yurdi. Elchin unga ergashdi.
— Gapingizga tushunmadim? — dedi Zohid chetga chiqishgach.
— Qanday oʻlganini eshitmadingizmi? Xolidiy degan xoʻjayini bor. Oʻsha bilan oʻchakishardi. Oʻtgan qishda bir jinnixonaga tiquvdi. Burniga suv kirmabdi. Yana jinnixonaga tiqibdi. Bu ahmoq oʻzini osibdi. Ori kelgandir-da.
— Qoʻying, oʻtganlar haqida yomon gapirmang.
— Xoʻp, endi ayting, uni oʻldirishga majbur qilishdi, a? Xoʻsh, bularni nima qilish kerak? Siz qamay olmaysiz, chunki sirtmoqda ularning barmoq izlari yoʻq, sizga esa faqat barmoq izi kerak. Bu Xolidiy degani nechta odamni quritgan, siz bilmaysiz. Da’vo ham qilolmaysiz. Men borib Xolidiyni oʻldirsam, meni otasiz. Mantiqan qaralganda, men uni oʻldirganim uchun mukofotlashingiz kerak. Chunki, uni oʻldirsam, nechta odamning hayotini saqlab qolgan boʻlaman.
— Siz hech qanday qonunni bilmaydigan odamning gaplarini aytyapsiz.

Elchin qoʻl siltadi-da, choʻntagidan sigareta chiqardi.
— Jamshidning qotilini topdingizmi? — dedi sigareta tutatib.
— Yoʻq, qidiryapmiz.
— Jamshid oʻldirilganini aniq bilasizmi, oʻzi?
— U tirik, deb oʻylaysizmi?
— Oʻylamayman... shunchaki soʻradim. Menda gapingiz bormidi?
— Yoʻq, koʻngil soʻramoqchi edim. Habib aka kelmabdilar shekilli?
— Angliyadan kelib-ketish osonmi. Men xizmatdagi odamman, ichkari kiray. Ha, boyagi gapim jiddiy emas, yana Xolidiy ichburugʻdan oʻlib qolsa, mendan koʻrib yurmang.

Elchin shunday deb soʻnggi nayzasini sanchdi-yu, nari ketdi. Zohid azaxonadan uzoqlasha turib uning gap-larini yana fikr tarozisidan oʻtkazdi. «Jamshid oʻldirilganini aniq bilasizmi, oʻzi?» degan gapi uni oʻylantirdi. Elchin shu gaplarini aytayotganida koʻzida quvlik uchquni chaqnadi. Zohidning ziyrak nigohi bu uchqunni ilgʻadi: «Bir narsani biladi shekilli, bekorga soʻramadi buni». Zohid ishxonasiga borguniga qadar Elchinning ilmoqli savolini oʻyladi. «Harholda bir narsani biladi. Asadbek toʻdasida qanday gaplar borligi unga ma’lum. Lekin aytmaydi. Qaynotasidan qoʻrqadimi?..»

Savollar yangi savollarni uygʻotaverdi-yu, ammo birontasiga javob topilmadi. Shundan koʻngli xira boʻlib, xonasiga kirganida Hamdam qoʻngʻiroq qildi.
— Prokuror, ikki soatdan soʻng menga kerak boʻlasan, xonangda oʻtirib tur,— dedi u.

Zohid uning qoʻngʻirogʻini kutishga va’da berdi. Biroq, yarim soatdan soʻng uni kavkazliklarning oʻlimi bilan shugʻullanayotgan hamkasbi chaqirib, va’dani buzishga majbur boʻldi.

2

Hamdam ertalabdan Sayfi Turdievni yoʻqlab taksoparkka borgan, uning ishga kechroq kelishini bilib, idoradan Zohidga qoʻngʻiroq qilgan edi.

Sayfi Turdiev yarim soatlardan soʻng keldi. Idora oldida turgan Hamdamni koʻrdi-yu, oyogʻi beixtiyor qaltiray boshladi. Oradagi masofa oʻttiz qadam chiqmasa-da, ming chaqirim yoʻl bosib horiganday arang yetib keldi. Hamdam uning sudralib qolganini sezib, kuldi:
— Ha, oʻgʻil bola, meni koʻrib iching oʻtib ketdimi, nima balo?

Bu hazil Sayfiga sal darmon berganday zoʻraki jilmaydi:
— Nega unaqa deysiz, okaxon?
— Yurishing birdaniga mayda qadam boʻlib qoldi-da. Xoʻsh, qalaysan? Ukang omonmi?
— Xudoga shukr.
— Ochigʻini aytaymi? Bugun seni tirik koʻraman, deb oʻylamovdim.
— Yomon nafas qilmang-e...
— Tush koʻribman. Ana shu darvozada sening kattagina rasming. Tagida ta’ziya yozilgan: «Sotsialistik mehnat zarbdori, ajoyib inson, mehribon doʻst Sayfi Turdiev...» Qara-ya, ajoyib inson ekansan.
— Oʻlgandan keyin hamma ajoyib insonga aylanadi.
— Xullas, nimadan oʻlganingni bilolmay uygʻonib ketdim. Tushda oʻlik koʻrsang, oʻngingda tirik koʻrasan, deyishadi, yur, bi-ir aylanib kelaylik.

Hamdam shunday deb koʻcha tomon yurdi. Bir necha daqiqadan soʻng Sayfi mashinasini haydab chiqdi. Hamdam oʻtirgach:
— Qayoqqa boramiz, okaxon? — deb soʻradi.
— Oʻlikxonaga qarab hayda,— dedi Hamdam sovuq ohangda.

Sayfi yengil titrab oldi-yu, sir boy bermaslikka harakat qilib:
— Qaysi oʻlikxonaga? — dedi.
— Yigirma sakkizinchi mayda oʻlik sotib olgan joylaringga.

Sayfi bu gapdan choʻchib, Hamdamga qaradi:
— Menga qarama, yoʻlga qara. Qoʻrqma, men seni qamamayman. Sen men uchun guvohsan. Agar oʻzingni goʻllikka solsang, jinoyatchilarning sherigi deb roʻyxatga tirkab qoʻyish ham qoʻlimdan keladi.
— Jon okaxon...
— Yoʻlga qara, deyapman. Oʻlikxonaga hayda, gap bor. Kallasi yoʻq bola ekansan. Tayyor oʻlikni olib borib yoqib yuborganlaringni bilishimiz oʻzinglar uchun yaxshi-ku? Odam oʻldirish yomonmi, yo tayyor oʻlikni yoqib yuborish yomonmi? Bilib qoʻy: bizning oldimizda gunohlaring kamaydi, lekin xoʻjayinlaring oldida yomon gunohga botding. Ba’zan guvoh boʻlgandan koʻra jinoyatchi boʻlib oʻtirgan ham ma’qulroq.
— Bu nima deganingiz?
— Bu deganimki, seni kim yollagan boʻlsa, oʻsha yoʻq qilishga urinishi mumkin. Sen ovsar, dovdirab kirib qolgan olamda guvohlar hech qachon uzoq yashamaydi. U olamda yo oʻldirishing kerak, yo oʻlishing kerak, arosat degan gap yoʻq. Mashinani toʻxtat!

Sayfi bu gaplardan dovdirab qolgani uchun, Hamdamning oʻzi rulni boshqardi.
— Oʻlik sotib olganlaringni bizga birov aytmadi, oʻzimiz topdik. Lekin baribir buni ham sendan koʻrishadi. Sen uchun hozir ikki yoʻl bor: birinchisi qamoq, qamab qoʻysam, joningni saqlaysan. Ikkinchisi, hech kim bilmaydigan yerda yashirinib turasan. Qamab qoʻya qolaymi?
— Yoʻq, yoʻq,— dedi Sayfi duduqlanib.— Berkinaman.
— Bugunoq qorangni oʻchir. Men qoʻrqitayotganim yoʻq. Anavi oʻzing topib bergan ikki kavkazlikni oʻldirib ketishgan. Senga ham yopishishlari mumkin, deb oʻylayapman. Sen dovdirama, menga toʻgʻrisini ayt: seni kim yollagan edi?

Sayfi javob bermadi. Qaltirayotgan barmoqlariga qarab oʻtiraverdi.
— Shu quyonyurak bilan bunaqa shilta ishlarga aralashib yuribsanmi?
— Men bunaqaligini bilmovdim.
— Bilganingda-chi? Ukangning ishini toʻgʻrilash oson ekanmi? Kimligini aytasanmi yo yoʻqmi? Bilib qoʻy, hozir hotamtoyligim tutib turibdi. Yomonligim tutib qolsa, onangni Uchqoʻrgʻondan koʻrsataman.

Hamdam shunday deb shartta tormozni bosdi. Sayfi munkib, peshonasini oldtokchaga urib olay dedi.
— Aytmasang, bekorga oʻlib ketvorasan, bola. Men ovozingni yozib olayotganim yoʻq, protokol ham yoʻq. Aytsang, oʻzingga yaxshi. Xoʻsh?
— Aytaman, mayli, nima boʻlsa, Xudodan. Haydar aka bilan gaplashganman.
— Oʻzining shuncha yigiti turib, nima uchun senga buyurdi? Ilgari ham bordi-keldi qilarmiding?
— Yoʻq. Uch-toʻrt oy oldin bir odam keluvdi taksoparkka. Oʻsha bilan gaplashayotib, ukamning ishini aytuvdim. «Chiqarib beradigan odam bor, ohanini toʻlasang, bas», dedi. Chiqimdan qochmadim, ozgina zakalat ham berdim. U meni Haydar aka bilan tanishtirdi. Keyin oʻzi yoʻq boʻlib ketdi. Bilsam, oʻldirib ketishibdi.
— Jalol Komilovmidi?
— Ha, bilasizmi uni?
— Bilganda qandoq? Uni ham oʻshanda sen oʻlik oborgan oʻsha daraxtga osib ketishgan. Oʻsha daraxt, chamamda, kimgadir yoqib qolgan. Bitta odamni osib oʻldirishdi, bitta oʻlikni osib yoqishdi. Endi kimni osishar ekan? Xoʻp, davom et-chi? Jalol Komilov pulni olib oʻlib ketdi. Pulga achinib yurganingda, Haydar akang yoʻqlab keldi. Sen xursand boʻlib ketding. U esa «falon joydan bittagina oʻlik olib chiqib berasan», dedimi?
— Yoʻq, oʻlikligini bilmovdim. «Ikkita kavkazlik yigitning molini olib borib berasan, xitlar bilib qolsa, toʻgʻrisini aytib ularni koʻrsatasan, senga tegishmaydi», deganidi. Oʻlikni koʻrganim yoʻq, oʻrab olib chiqishdi. Mashinani aytgan joylariga haydadim. Bir chetda poylab turdim.
— Oʻlikxonadagi odamni taniysanmi?
— Tanisam kerak. Koʻtarishib chiquvdi.
— Nega mujmal qilyapsan, «tanisam kerak», deganing nimasi?
— Gʻira-shira edi, chiroq nurida basharasini yaxshi koʻrmaganman.
— Unda bashara bor ekanmi, qop-qorongʻida koʻrib tanisa ham boʻladi.
— Ha, sochlari uzun edi.

Hamdam Sayfini mashinada qoldirib, kasalxona bosh tabibining xonasiga kirdi-da, oʻzini tanitgach, voqeani qisqa holda bayon qildi. Soʻng oʻlikxonadagi badbasharani chaqirtirdi. Badbashara Hamdamni taniganday boʻldi-yu, qaerda koʻrganini eslay olmadi.
— Men sendan yigirma sakkizinchi kuni bir oʻlik sotib olgan edim, eslayapsanmi? — dedi Hamdam dabdurustdan.

Bu gapni eshitgan badbashara choʻchib bosh tabibga qaradi-da, boshini sarak-sarak qildi.
— Aldayapti, oʻrtoq glavvrach. Bunaqasi boʻlmagan,— dedi.

Hamdam gapni choʻzmay bosh tabibdan yana ikki xizmatchining kirishini iltimos qildi. Xizmatchilar kirishgach, ularni badbashara bilan yonma-yon turgʻazdi-da, Sayfini chaqirtirdi:
— Yigirma sakkizinchi may, kechqurun bularning qaysi biri oʻlikni olib chiqib bergan? — deb soʻradi rasmiy ravishda.

Sayfi ikkilanmay, badbasharani koʻrsatdi.

Hamdam bu marosimni qogʻozda rasmiylashtirgach, bosh tabibdan soʻradi:
— Nima uchun murda sudmedekspertizada emas, sizning oʻlikxonangizda yotgan edi?
— U kasalxonaga ogʻir ahvolda keltirildi. Halokatdan soʻng, toʻrt kun yashadi. Agar halokat boʻlishi bilan joni uzilganda sudmedekspertizaga yuborilar edi, buni oʻzingiz bilasiz-ku?

Hamdam unga javob bermay, badbasharaga qaradi:
— Bu biz bilan ketadi. Kalit-palitlarini olib qoling. Jinoyatga aloqasi boʻlmasa ham, oʻlikxonadagi qiligʻi uchun osish kerak buni.

Badbashara bir oz oyoq tiradi-yu, Hamdam baqirib, gardaniga bir musht urgach, mulla mingan eshakday boʻldi-qoldi.

Hamdam uni ichki ishlar boʻlimidagi qamoqxonaga qamab, Zohidga telefon qildi. Zohidning telefoni javob bermadi.

3

Zohidni oʻsha kungi hamkasbi ochiq chehra bilan qarshi oldi. U telefonda «tezlik bilan uchrashishimiz kerak», deganidayoq Zohidning yuragida choʻgʻlangan gʻulgʻulaga hozirgi ochiq chehra moy boʻlib sepilib, alanga oldirdi. «Bir dardi boʻlmasa, bunchalik muloyim boʻlmas», deb oʻyladi Zohid. U yanglishmadi. Gapni uzoqdan boshlagan hamkasbi Jamshidning oʻlimi tafsilotiga yaqinlashgandayoq, Zohid gumoni toʻgʻri ekanini fahmladi.
— Sunnatullaevning qotillari oʻldirildi,— dedi hamkasbi unga sinovchan nazar tashlab.
— Avval oʻsha murda Sunnatullaev ekanini isbotlash kerak,— dedi Zohid.
— Biz hozircha oʻsha murda Sunnatullaev, deb ishonganday boʻlaveraylik-chi. Xullas, qotillar...
— Qotil deb gumon qilinganlar,— deb tuzatdi Zohid.
— Ha, gumon qilinganlar tasodifiy holda oʻldirildi.
— Balki atayindir?
— Toʻgʻri, balki atayindir. Faqat iltimos, gapning beliga tepmay, eshiting. Demak, qotillar oʻldirilgan. Yuzaki qaralsa, ishni yopish ham mumkin. Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, birodarlarimiz orasida ishni shu tarzda yopishni istovchilar ham bor. Bu kattamizga ham ma’lum. Biz maslahatlashib, bir qarorga keldik. Mayli, shunday boʻlishni istovchilar murodlariga yeta qolsinlar. Biz goʻyo ishni yopaylik.
— Bu mumkin emas,— dedi Zohid keskin tarzda.
— Gapimni diqqat bilan eshiting, men «goʻyo» deyapman, a? Ishni yopaylik-da, kuzataylik, yana nimalar qilisharkan?
— Nima qilishardi, ertaga yana bittasini, indinga oʻntasini yo osadi, yo otadi. Biz «goʻyo» deb oʻtiraveramiz. Eshaklarga ferma yoʻq, a? Xuddi shunga oʻxshab, ularga ham qonun yoʻq.
— Siz tuppa-tuzuk jizzaki ekansiz. Bizning ishimizda bu yomon illat hisoblanadi. Bir narsani aniq tushunib oling: siz bir kissavurning ishini olib bormayapsiz. Siz gazitchilarning tili bilan aytganda, «uyushgan jinoyatchilar» bilan olishmoqchisiz. Tushunyapsizmi, ular chindan ham uyushgan. Ular bitta yo ikkita emas. Siz-chi? Xoʻp, yoningizda yana ikkita, boring, ana uch-toʻrtta ugro inspektorlari bordir. Sizning hamlangiz ular uchun pista chaqib tashlanganday bir gap. Ular ayrim idoralarga qadar kirib borganlarini mendan yaxshi bilasiz. Kattamiz bularning hammasini hisobga olib, aniq reja bilan, ildizni quritar darajada ishlash kerak, deyaptilar. Shuning uchun kerak joyda hiyla ishlatamiz. Ishni yopish — birinchi hiylamiz boʻladi. Sizga bugun-erta ishni yopishni shama qilishsa, mayli, avval jizzakilik qiling. Kattaga raport ham yozing. Faqat raportga rad javob berilsa, dod demang. Sizga topshirilgan boshqa ishni yuritavering. Lekin bu ishdan butunlay koʻz yummaysiz, zimdan ish yuritaverasiz. Kavkazliklarning oʻlimi boʻyicha ishni men yuritaman, demak, barcha ma’lumotlar menda toʻplanishi kerak. Gapimga toʻla ishonishingiz uchun bir sirni ochay: bu masala boshqa idoralar bilan ham kelishilgan. Birgalikda harakat qilinadi. Masalaning jiddiyligini endi tushundingizmi?

Zohid gap ohangidagi samimiyatga ham uncha ishonqiramadi. Bir oz oʻylab oʻtirgach:
— Balki avvalgi ishimga qaytganim ma’quldir? — dedi.
— Bu fikrni xayolingizdan chiqarib tashlang. Bir gap aytaman, taltayib ketmang yana: kattamizning sizga mehri tushgan. «Prokuraturani Sharipovga oʻxshaganlar hisobiga mustahkamlash kerak», dedi. Xudo biladi, balki yaqin oʻrtada yonma-yon xonada ishlarmiz?
— Men oʻylab koʻrishim kerak.
— Oʻylab koʻrishim kerak? Gaplarimga ishonqiramayapsiz shekilli?
— Toʻgʻrisini aytaymi? — dedi Zohid unga tik qarab.— Uncha ishonmayapman.
— Oʻtgan safar ham koʻrishganimizda aytgan edim. Bu kasallikdan qutulishga harakat qiling.

Shunday degach, u Zohidni kuzatib qoʻydi.

Zohid tashqariga chiqib soatiga qaradi-yu, Hamdamning gapini esladi. «Meni qidirayotgandir», deb iziga qaytdi-da, navbatchining telefonidan unga qoʻngʻiroq qildi.
— Qayoqlarda sanqib yuribsan, prokuror, tez yetib kel, senga allambalo sovgʻa tayyorlab qoʻydim,— dedi Hamdam.

Zohid avval oʻzi ishlagan depara ichki ishlar boʻlimiga kelib, Hamdamning allambalo sovgʻasi nima ekanini bilgach, oʻylanib qoldi.
— Ha, qilgan ishim yoqinqiramadimi? — dedi Hamdam gina ohangida.
— Yoqishga yoqdi... Lekin bu ish... yopilyapti.
— Nega yopiladi? Chigalni endi yechyapmiz-ku? Yana bir harakat qilsak, ularning giribonidan olamiz.
— Shunaqa-ku... lekin... Hamdam aka, iltimos, siz hozir qistovga olib soʻramang, men aytmay.
— Mendan sir yashiradigan boʻlib qoldingmi?
— Yashirmayman. Vaqti kelganda aytaman, xafa boʻlmang,— Zohid shunday deb telefon goʻshagini koʻtarib, hamkasbiga telefon qildi:
— Sharipovman,— dedi u.— Yigirma sakkizinchi mayda yoqilgan murdani sotgan odam ushlangan. Nima qilaylik?

Hamkasbi darrov javob bermay, oʻylandi. Soʻng:
— Qoʻyib yuboring,— deb amr etdi.— Boshqa yoqqa ketib qolmaslik haqida tilxat olingu qoʻyib yuboring.
— Qoʻyib yuborsak, kavkazliklar ortidan joʻnab qolmasmikin? Balki jonini saqlash uchun ham qamash kerakdir?
— Yoʻq, uni kuzatish masalasini oʻzimiz hal qilamiz.

Zohid goʻshakni joyiga qoʻyib, ogʻir tosh koʻtarib charchagan odamday Hamdamga qaradi:
— Shunaqa gaplar, aka, tilxat olib qoʻyib yuboring. Taksichini ham.
— Men unga qochib qol, devdim.
— Yoʻq, qochmasin. Ehtiyot chorasini koʻrishar ekan.
— Men senga tushunmay qoldim, prokuror? — dedi Hamdam ovozini balandlatib.

Zohid esa unga qarab hazin jilmaydi-da:
— Oʻzim ham tushunmay qoldim,— dedi.
— Quloqqa lagʻmon osma, prokuror, sen baloga tushunadigan bolasan. Bir dengizchidan «ahvol qanaqa?» deb soʻrashsa, «kayfiyatlar a’lo, choʻkyapmiz» degan ekan. Bizning ahvolimiz ham oʻshanaqa emasmi?

Zohid Hamdamga javob qaytara olmadi.

XXV bob

1

Elchin Zaynabdan xabar olgani nonushtadan soʻng keldi. Toʻyda kechasi bilan xizmat qilgach, peshinga qadar uxlash odati bor edi. Xotinining kechagi ahvoli uning bemalol uxlashiga yoʻl bermadi.

Elchin oʻziga peshvoz chiqib, salomlashgan qaynonasining koʻzida yashirin bir sarosimani sezdi. «Yana mazasi qochdimi, yana kasalxonaga olib borib qoʻyishdimi?» deb oʻyladi. Ayvonga yetar-etmas uydan Zaynab chiqib kelgach, «xayriyat» deb qoʻydi. Zaynab eriga salom berayotganida nigohini olib qochdi. Elchin buni ham sezdi. «Ona-bolaga bir gap boʻlgan-mi?» deb qoʻydi. Ichkari kirib duo qilingach, Manzura choy bahonasida chiqdi.
— Tuzukmisiz? — dedi Elchin, xotiniga tikilib.

Zaynab bu qarashga dosh berolmadi.
— Rahmat,— dedi siniq ovozda. Soʻng nigohini koʻtarmagan holda: — Dadam kelgunlaricha shu yerda turib tursam maylimi, oyim yolgʻizlar, — deb soʻradi.

Elchin Asadbekning xastalanib qolganidan bexabar, «bir-ikki kunda kelib qolar», deb ruxsat berdi. Avvallari Zaynab bunday iltijo bilan soʻramas edi. «Uyga boraman» yoki «yotib qolaman» deb qarorini ma’lum qilardi. Shunda Elchin «ming qilsa ham otasining qizi-da», deb gʻashi kelardi. Hozir iboli xotin singari odob bilan ijozat soʻragani uchun ham osonlik bilan koʻndi.

Manzura er-xotin gaplashib olsin, degan fikrda choyni damlab, darrov kira qolmadi. Bundan Zaynab betoqat boʻldi. U onasining tezroq kirishini, erining tezroq ketishini istayotgan edi. Nazarida, eri koʻziga tikilib turib:
— Kecha qaerda eding? — deb soʻrab qoladiganday edi.

Onasi kiravermagach, Zaynab oʻrnidan turdi:
— Men boray endi, — deb Elchin ham qoʻzgʻoldi.

Er-xotinni ayvonda koʻrib, Manzura oshxonadan shoshilib chiqdi:
— Voy, nimaga turdingiz? Hozir choy qaynaydi. Gaz oʻlgur aksiga olib pastlab qoldi-ya...

Elchin ishini bahona qilib xayrlashdi.

Zaynab erining tezda qoʻzgʻalganidan mamnun boʻlib, yotogʻiga kirib ketdi. Manzura izma-iz kirdi-da, qizining yuzini siladi:
— Ering bir nima dedimi?
— Adam kelgunlaricha turishimga ruxsat berdilar. Hozir toʻylari koʻp, ertalabga yaqin keladilar.
— Toʻy-poʻyini yigʻishtirsa boʻlardi. Adangga aytaylik, bironta ish topib bersin.
— Qoʻying, oyi, bilganini qilsin. Birpas dam olay...

Onasi peshonasidan oʻpayotganida Zaynabning eti seskandi.

Onasi chiqib ketgach, yuztuban yotib oldi.

U yarim tunda kelib, onasini qoʻrqitib yuborgan edi. «Kuyovingiz toʻydalar, uyda yolgʻiz qoʻrqdim», deb bahona qildi. Manzura bu bahonaga unchalik ishonmadi. Chunki kech soat oʻnlarda qoʻngʻiroq qilganida hech kim javob bermagan, boloxonadagi yigitlardan birini yuborganida u «darvoza qulf, chiroq oʻchgan», deb kelgan edi. Manzura «er-xotin mehmonga ketgandir», deb oʻyladi-yu, ammo «nima uchun menga aytmadi?» deb baribir xavotir oldi. Qizining tunda, parishon holda kirib kelishi, undan qandaydir yoqimsiz hid taralishi Manzurani gʻalati holga soldi. Zaynabni qiyin-qistovga olishga qoʻrqdi. Bir tomondan tobi yoʻq, boshqa tomondan jahl ustida yana oʻzini bir nima qilib qoʻyishidan qoʻrqdi...

Kuyovi kelgandagi nigohida bexos zuhur boʻlgan havotir uchquni shundan edi.

Zaynab odamiylik libosini yechib, hayvonlik martabasiga tushgan uydan chiqqanida koʻchalardagi qatnov hali toʻxtamagan edi. Shayton gʻolibligida avval lazzat topgan, soʻngroq oʻz-oʻzidan nafratlangan bu juvonga koʻchalar, nainki koʻchalar, olam tor tuyular edi. U ovsar holatida koʻp koʻchalarni kezdi. Qaerlarda tentirab yurganini hozir ham fahm eta olmaydi. Qayoqqa borishni, nima qilishni istadi — bu ham esida yoʻq. Yodida qolgani — anhor koʻprigidan oʻtayotganda «oʻzimni tashlasam-chi, bira toʻla qutulsam-chi», degan oʻy xayoliga keldi. Nazarida, suvdan bir ovoz ham keldi: «Kel, choʻmilib ol, poklanib ol. Poklik dunyosi shu yerda, kela qol!» Ovozni eshitib qoʻrqdi. Oʻzini qirgʻoqdan olib qochdi. Yodida qolgani faqat shu. Uni ajablantirgani, yanada aniqroq aytsak, vahimaga solgani shuki, uyga kelib bir ozgina mudraganda ham, uygʻonganida ham shu ovozni eshitganday boʻldi. Hozir, onasi chiqib ketganidan soʻng ham qulogʻiga shu ovoz urilib, sapchib turib ketdi.

«Bunaqada jinni boʻlib qolaman, — deb oʻyladi, ikki chakkasini uqalab. — Nima qilay? Yolgʻiz oʻtirsam vos-vos boʻlishim turgan gap. Kim bilan gaplashay? Kim koʻnglim chigilini yozadi? Mardona... Yoʻq, yoʻq...».

Zaynabning nafasi qaytib, hovliga chiqdi.

2

Avval bir qanot qirqildi, soʻngroq ikkinchisi...

U ikki qanoti kesilib, mushuklar orasida qolgan musicha holiga tushdi. Kechagina u oʻzini lochin his etgan edi. Dushmaniga chovut solmoqni niyat qilgan edi. Endi bilsa u bor-yoʻgʻi musicha ekan... Ikki qanoti yoʻq musicha...

Dunyodagi hamma zoʻr tabiblar yigʻilib «shu odam jinni», deb xulosa chiqarganida ham Elchin ishonmas edi. Ayniqsa jinni boʻlib, oʻzini osishi. Elchin doʻstidan ayrilganiga bir kuysa, odamlarning «aqldan ozgan ekanda, a?» deb ishonganlariga oʻn kuyar edi. U Xonzodaning «keyingi paytlarda gʻalati boʻlib qoluvdilar oʻzi», deganini eshitib, bu xotindan ham nafratlanib ketdi.

Tushlarida Anvarni koʻrib, alahsirab uygʻonadigan boʻldi. Bir kuni mizgʻigan chogʻida Anvar oppoq libosda koʻrinib, maymunbashara odamga qoʻlini bigiz qildi: «Mening qotilim shu, ustozning qotili ham shu,— deb Elchinga qaradi: — Qasos olmaysanmi? Noila uchun qasos olmoqchi eding. Men-chi? Arzimaymanmi?..»

Elchin koʻzini ochib, oʻylanib qoldi. Koʻrgani tushimi yo oʻngi ekanini anglamadi.

Oʻsha kuniyoq u Halimjonni izlab topdi. Daf’atan maqsadini ayta olmay, gapini uzoqdan boshladi:
— Ishlar qanday boʻlyapti endi? — dedi.

Halimjon «bularning ishi qanday ekanini nahot bilmasangiz?» deganday unga ajablanib qaradi.
— Qanaqa qopqonga tushganimni bilmay turibman, aka, — dedi gardanini qashib. — Haydar aka deganlari, bilmayman, odammi yo hoʻkiz-poʻkizmi... Gapga tushunmaydi. Hoʻkizga «xoʻ-oʻsh!» desangiz tushunadi, buningiz tushunmaydi. Oʻzi jimittakkinayu havosi devdak. Bir xil paytlarda mijib tashlagim kelyapti. Boshqalari ham shunaqa boʻlsa, ranjimangu aka, bular minan mening chatagʻim yoʻq.
— Ha, nima boʻldi oʻzi?
— Men Asad akaga ham toʻgʻrisini aytganman. Urish-oʻldirish mening kasbim emas. Haydar aka tunovinda bir ish topshirdi. Aka-ukalarning kimdandir qarzi bor ekan. Ikkovini tutib kelishdi. Ukaga aytildi-ki, uch soatda pul boʻlsin, yetkazib kelmasang, akang oʻladi. Men sodda, buni poʻpisa deb oʻylabman. Uch soatda pul kelmagach, akani urib, mijib qoʻyasan, deb menga buyruq berdi. «Urmayman», dedim. Toʻgʻri-da, uni tanimasam, bilmasam. Puli yoʻqdirki, vaqtida bermagandir. Yoʻq, tushuntira olmadim. Boshqalar urib ketishdi. Men uni ajratib oldim.
— Bekor qilibsiz. Ular balki sizning himoyangizga arzimas.
— Nega unday deysiz? Pul uchun ham odamni shunday urish mumkinmi?
— Mumkin. Pulning qanchaligini bilmadingizmi? Bu aka-uka kimnidir kuydirgan. Bularning qoʻlida pul aylanib turishi kerak. Aylanmasa «oʻlik pul» deyishadi. Garovda million soʻming turibdi nimayu millionta murdaning egasi boʻlding nima, farqi yoʻq. Ular orasida «pul jigar qonidan boʻlgan» degan aqida yuradi. Pul uchun qotil yollab, eng yaqin odamini ham oʻldirtirib yuborishdan qaytishmaydi. Oʻsha siz rahm qilgan aka-uka, bugun qarzdan qutulib, ertaga birovni qarz qilib, xuddi shu holga soladi.
— Baribir nohaqlik-da, aka?
— Nohaqlikka nohaqlik. Men ularni oqlayotganim yoʻq. Vaziyatni tushuntiryapman. Halimjon, bu kecha yo bugun boshlangan ish emas. Qadimdan shunaqa boʻlib kelgan. Shu mahallada inqilobdan oldin Bukir qimorvoz degan odam oʻtgan ekan. Qarib, qimordan nari boʻlgach, qozilik qila boshlabdi. Kim sigirmi, otmi yoʻqotsa shu odamga arz qilarkan. U topib berarkan. Sigir egasidan ham topib bergani uchun, oʻgʻridan mirshabga topshirmagani uchun haq olarkan. Ana oʻshaning ishi hozir sal boshqacha koʻrinishda-da. Siz nohaqlik deysiz. Xoʻp, unda haq tomonga koʻchaylik: Kesakpolvonni oʻldirish kerak, desam, oʻldirasizmi?
— Kim?
— Oʻsha Haydar akangizning laqabi Kesakpolvon. Uning marazligini bilib turibsiz. U oʻldirilsa bu yoqdagi qancha jonlar omon qoladi.
— U oʻldirilsa sheriklari bor-ku, ishni davom ettiraverishadi.
— Ular ham birin-ketin oʻldiriladi.

Halimjon hushtak chalib qoʻydi.
— Boʻladigan gap emas, bu aka.
— Men sizga bir sirni ochishga majburman. «Hofiz akam bular bilan bir qozondan osh ichadi», desangiz yanglishasiz, uka. Men oʻlganimning kunidan ular bilan birgaman. Men ularning tovogʻidan osh ichmayman. Men ilon boʻlib ularning bagʻriga kirib olishim kerak edi. Kirdim. Endi bitta-bitta chaqib oʻldiraman. Bilaman, bu oson emas. Menga yordam kerak. Sizni birinchi marta koʻrgandayoq men shuni xayol qildim. Asadbek yonida yursangizu, menga lozim paytda koʻmaklashsangiz, biz bularning ildizini quritamiz.

Kutilmagan bu gap chinmi yo sinash uchun aytilyaptimi, Halimjon tushunmadi.
— Bularning qilib yurgan ishidan koʻpchilik norozi, koʻpchilik qoʻrqadi. Lekin kimdir unga qarshi chiqishi kerak-ku? Siz halol, adolatparvar doʻstlaringiz bilan meni tanishtiring. Mana, yaqinda bir qadrdon doʻstim oʻzini osdi.
— Shularni debmi?
— Yoʻq, boshqa odam majbur qilgan. Oʻsha odam oʻsha jinnixonada, oʻsha hojatxonada osilishi kerak. Doʻstimning ruhi shuni talab qilyapti. Buning uchun ham menga yordam kerak.
— Hofiz aka, ranjimang, bu gaplaringiz menga yoqmayapti.
— Halimjon, oʻylab koʻring. Busiz adolat boʻlmaydi. Ponani pona bilan chiqariladi.

Bu yovuzlik uyasiga tushib qolib, yolgʻiz qush holatida yurgan Halimjonga Elchinning gaplari boshqa bir yovuzlik uyasiga chorlash kabi tuyuldi. Elchin uning holatini tushungani uchun «eng muhimi aytdim, oʻylab koʻradi», deb uzoq da’vat qilmadi.

Halimjon xayrlashib, qaytayotganida darvoza boʻsagʻasida Shomilga duch keldi. Ikkovi avval bir-biriga taajjub bilan tikildi. Bir nafasdan soʻng taajjub oʻrnini burgut qarash egalladi. Yaxshiki, bularning xoʻroz kabi patlari yoʻq, boʻlgandami, darrov hurpaytirib olardilar. Shomil Halimjonning orqasidan kelayotgan Elchinni koʻrib sovuq tirjaydi-da, darvoza boʻsagʻasidan chekinib, yoʻl boʻshatdi. Halimjon esa zaharli qarashiga isloh kiritmagan holda uning yonidan oʻtib, mashinasiga oʻtirdi. Oʻn qadam naridagi «jiguli»da bir ayol oʻtirganini koʻrdi, ammo «kim ekan u?» deb sinchiklab qaramadi.

Halimjon ketgach, Shomilning ishorasi bilan juvon mashinadan tushib Elchin sari kela boshladi. Juvon gʻoyat goʻzal, yurishi ham oʻziga yarasha tamannoli edi. U Elchinga yaqinlashib, yosh koʻngillarni entiktirib yuborish qudratiga ega boʻlgan shirin jilmayish hadya etdi-da, qoʻlini uzatib:
— Valya, — deb oʻzini tanishtirdi.

Entikish yoshidan oʻtgan boʻlsa-da, Elchinga bu jononning jilmayishi xush yoqdi, oppoq, momiq qoʻlning tafti esa vujudiga iliqlik berdi. Bu iliqlikni oʻsha zahoti Shomilning yoqimsiz ovozi haydadi:
— Xonimning zarur ishi bor ekan senda, — dedi u Elchinga.

Elchin oʻzini tanishtirib, ichkari taklif etgach, Valya Shomilga qaradi-da, «sen mashinada oʻtira tur, bu yerda mashina oʻgʻrilari koʻp deb eshitdim», deb ostona hatlab ichkari kirdi. Valya shu amri bilan oʻzining martabasi baland ekani, Shomilni esa nochor bir qul ekanini ta’kidladi.

Elchin: «Shomilning popugini pasaytirib qoʻygan bu oyimcha kim boʻldi?» — deb ajablandi. Valya Elchinni jumboqlar dengizida suzishiga yoʻl qoʻymadi. Uyga kirib oʻtirishi bilan maqsadga koʻchdi:
— Meni Zelya yubordi.
— Kim? — dedi Elchin oʻzini tushunmagan qilib koʻrsatib.
— Zelixan, akademik, — dedi Valya.
— Oʻzi qaerda?
— Oʻzi Sochida. Zarur ish bilan band. Kelolmadi. Bir gapni aytib yubordi: oxirgi marta tunagan joyda Dostoevskiyning toʻrtinchi jildi orasida bir varaq qogʻoz bor ekan. Unda pul qaerga yashirilgani aytilgan ekan.
— Qanaqa pul? — dedi Elchin yuziga ovsarlik niqobini tushurib.
— Yigʻib qoʻygan puli bor ekan. Shuni topib, yarmini mendan berib yuborar ekansiz.
— Yarmi-chi?
— Yarmi sizga ekan. Nima qilishni oʻzingiz bilar ekansiz. Qaerda tunaganini bilarsiz?

Boʻliq soniga Elchinning bot-bot qarab qoʻyayotganini sezgan Valya etagini yanada yuqori koʻtarib, oyoqlarini chalishtirib oldi.
— U bir joyda yashamas edi. Yotib yuradigan bir-ikki joyini bilaman, vaqtim boʻlganda qarab qoʻyarman.
— Kutishga fursat yoʻq. Birga boramiz. Shu bugunoq.
— Menga ishonmaysizmi?
— Siz-chi? Menga ishonyapsizmi?
— Ham ishonmayapman, ham ishonyapman, — dedi Elchin kulimsirab.
— Sabab?
— Ishonishimning boisi, Zeli ogʻa chiroyli ayollarni tanlashga ustalar. Ikkinchidan, yaqinda menga Sochidan qoʻngʻiroq qildilar. Ishonmasligimning sababi — telefonda bu haqda hech nima demadilar.
— Bu telefonda aytadigan gap emas. Ketdikmi?
— Hozir men ishga borishim kerak. Kutishyapti.
— Ansamblingiz bor ekan, a? Men ham san’atga oʻlarday qiziqaman. Repetitsiyangizga olib boring, zerikmayman, rost.

Elchin «quvgina xonimcha ekanmi?» deb oʻyladi-da, unga qarab jilmayib:
— Marhamat, yuring, — dedi.

Elchin mashinani koʻchaga olib chiqayotganida Valya Shomilni imlab chaqirdi-da, «orqamizdan qolma», deb shipshidi.

Elchin Valyaning maqsadini darrov fahmladi. Roʻparadagi koʻzgudan qarab, Shomilning izma-iz kelayotganini koʻrdi. «Zeli ogʻa tashlab ketgan boylikning choʻgʻini bilishadi shekilli, — deb oʻyladi Elchin. — Shiraga yopishgan itpashshaga oʻxshab qolishdimi, endi bulardan osonlikcha qutulish mumkinmasdir. Biron chora oʻylashim kerak. Bu xonimcha chindan ham Zeli ogʻani biladi. Dostoevskiyning toʻrtinchi jildini faqat Zeli ogʻa aytishi mumkin. Lekin nima uchun aytdi, nima uchun aynan shu xonimchaga aytdi? Nima uchun bu xonimcha gʻilayni laychadek ergashtirib yuribdi?..»

Valya uning koʻzgu orqali bot-bot qarayotganini sezib:
— Bir narsadan xavotirdamisiz? — deb soʻradi. Keyin izoh berdi: — Orqadagi mashinadan qoʻrqmang. Kerakli uyga kirib chiqqanimizdan soʻng sizga yuk boʻlmay olib ketar, degan maqsadda «izimizdan yur», devdim.
— Valya, siz menga yaxshiroq qarang, men qoʻrqadigan yoshdan oʻtganman. Zeli ogʻa tariximni aytib bermadimi?
— Siz haqingizda juda oz gapirdi. Lekin eng muhim ishni aytib ketdi.
— Aytib ketdi? — Elchin ajablanib unga qarab oldi.
— Aytib yubordi, demoqchiman, — dedi Valya xatosini tuzatib. — U siz haqingizda Xongireyni ogohlantirdi. Endi siz shaxsan Xongireyning himoyasidasiz. Hech narsadan qoʻrqmang.
— Anavi gʻilaydan hammi? — dedi Elchin hazil ohangida.
— Fu, — dedi Valya labini burib, — u peshka-ku! Qulvachcha-ku!.. Ha-ya, esimdan chiqibdi. Zelya yana bir gapni aytib yubordi. Sizni qiziqtirgan odam chindan ham Sochida edi.
— Kim?
— Jamshid, — Valya Jamshid bilan tanishganini, gʻordagi uchrashuvni qisqacha bayon qildi.
— Hozir ham Sochidami?
— Ketgan boʻlishi ham mumkin.
— Qayoqqa?
— Balki Moskvadadir. U endi Xongireyning xizmatini qiladi.
— Oʻzi istadimi?
— Uning istagi kimga kerak, Xongirey istadi.
— Oʻzi xohlamasa-chi?
— Unda... rostdan ham oʻladi.
— Xongireyning odami kammi, uni nima qiladi?
— Bu, azizim, ularning ishi. Siz hozir repetitsiyangizga ketyapsizmi, demak, shu ishni oʻylang.
— Umuman, yaxshi taklifni aytdingiz. Bizda och qornim, tinch qulogʻim, degan maqol bor.
— Maqolingiz yomon emas, ammo qorin toʻq, quloq tinch boʻlsa, yana yaxshiroq.
— Valya, bir narsani soʻramasam, «bu odam gʻirt laqma ekan, bir ogʻiz gapimga ishonib xazinani qoʻlimga tutqazib yubordi», deysiz. Men Zeli ogʻani bilaman, qoʻli ochiq odam. Lekin sizga bunchalik hotamtoylik qilganining boisi nima ekan? U bilan yaqin edingizmi?
— Er-xotindan ham yaqinroq edik.
— Tushunmadim?
— Nimasiga tushunmaysiz? Sizga oʻz xotiningiz yaqinmi yo oʻynashingizmi? Har bir erkak xotinidan qizgʻanganini oʻynashiga hech ikkilanmay sarflaydi, yo notoʻgʻrimi? Buni siz yaxshi bilasiz. San’atkorning oʻynashi koʻp boʻladi.
— Afsuski, men oʻynashi yoʻq san’atkorlardanman.
— Oʻ, shundaymi? Buning uchun chindan ham afsus qilish kerak va bu xatoni tuzatish shart, — dedi Valya kulib. — Menga oʻxshaganlarni topib oling.
— Sizga oʻxshaganlar bu shaharda boshqa yoʻq boʻlsa-chi?
— Men hozircha shu shahardaman-ku?! — Valya shunday deb koʻzlarini nozli suzdi.

Elchin koʻzguga qarab oldi-da, mashina tezligini oshirdi. Buni sezgan Valya «nima gap?» deb xavotirlandi.
— Qozoqlar chiroyli juvonlarni olib qochib ketishadi. Men ham sizni gʻilaydan olib qochyapman.
— Siz qozoq emassiz-ku?
— Chiroyli juvonga yetishish uchun qozoq boʻlsam ham mayliga.

Bir necha chorrahani kesib oʻtishgach, Shomil boshqarayotgan mashinaning qorasi oʻchdi. Bu Elchin uchun muddaoning oʻzi boʻldi. U gʻilayni qanday chalgʻitsam ekan, deb turganida jonon qochirimli gapi, nozli qarashi bilan unga bahona topib berdi. Valyaga esa Shomilning koʻzdan yoʻqolgani yoqmadi. Chunki Hosilboyvachcha unga Elchinning kim ekanini aytgan, ehtiyot boʻlishni tayinlagan edi. Ularning moʻljalicha, Zelixon boylikning yarmini in’om etdimi, demak, hammasiga ega chiqish mumkin, otarchini ulushga qoʻshishning hojati yoʻq.

Hosilboyvachcha: «Elchin u joyni balki darrov koʻrsatmas, balki chalgʻitishga harakat qilar, mayli urinaversin, biz uning har bir bosgan qadamini kuzatamiz», deb edi. Birinchi harakatdayoq kuzatuvchisi pand yedi. «Chindan ham ayyorga oʻxshaydi», deb oʻyladi Valya. Lekin tashvishga tushmadi. Oʻn uch yoshidan beri Xongireyning tarbiyasida boʻlgan bu juvon biri ikkinchisiga oʻxshamagan hiyla-nayranglarni koʻraverib, koʻzi pishib ketgan. U Elchinni dastlab koʻrganidayoq «buni mushuk boladay oʻynataman», deb qoʻygan edi, hozir uning harakatini kuzata turib, «baribir oʻynataman» deb ahdini qat’iylashtirdi.

Valya Elchinning soniga shapatiladi:
— Sekinroq hayda, gʻilay senga yoqmasa shunday ham orqasiga qaytarib yuboraman, — dedi.
— Buyruq bilan qaytarishning qizigʻi yoʻq, olib qochishning mazasi boshqa, — dedi Elchin, oʻzini goʻllikka solib. — Valya, repetitsiyaga bormayman. Seni hozir Zeli ogʻani kuzatib qoʻygan uyga olib boraman. Yettinchi qavat, oʻngdagi birinchi eshik. Sening adashing, Valentina Mixaylovna. Kirasan, aytasan, oʻsha kitobni oʻzing olasan. Keyin, rozi boʻlsang, restoranda otamlashamiz.
— Yaxshi. Ammo uyga birga kiramiz. Aldab ketasan, degan gumonda emasman. Oʻsha narsa ikkalamizga tegishlimi, demak, birga kirib, birga olamiz.

Yettinchi qavat, oʻngdagi jigarrang charm qoplangan eshikni yoshi elliklarda boʻlgan, ammo malohatini saqlab qololgan ayol ochib, Elchinni ochiq chehra bilan qarshi oldi.
— Bu Valya, Zeli ogʻaning xotini, — dedi Elchin, «oʻynashi» deyishni ep koʻrmay.
— Xotini emasman, nega yolgʻon aytasan? — dedi Valya. — Oʻynashiman. Oʻynash xotindan ham yaqinroq boʻladi, shunday emasmi, Valentina Mixaylovna.
— Toʻgʻri, — dedi uy bekasi kulib, — Zelyaning uylanganiga baribir ishonmas edim. U uylanib, oyoq-qoʻllarini bogʻlaydigan erkaklardan emas. Oʻynash ekaningizga ishonaman. Chunki Zelyaning didi zoʻr. Uncha-muncha juvonni oʻynash tutmaydi.
— Valentina Mixaylovna, sizda Dostoevskiyning kitoblari bormi? — deb soʻradi Elchin.
— Bor. Toʻliq asarlar toʻplami bor. Nima edi?
— Toʻrtinchi jildda menga atalgan bir xat bor ekan, koʻzingiz tushmadimi?
— Savol qiziq, men kitob oʻqiymanmi? Muqovasi chiroyli boʻlgani uchun javonga terib qoʻyganman. Kir, qaray qol.

Toʻrtinchi jildda darhaqiqat maktub bor edi. Elchin qogʻozni olib, Valyaga uzatdi. Valya xatga koʻz yugurtir- di-yu, rangi boʻzarib, uni yana Elchinga qaytardi-da:
— Qaysi tilda yozgan oʻzi? — deb mingʻirladi.

Elchin xatni oʻqib, Valyaga nigohini oʻqdek qadadi:
— Zeli ogʻaga nima boʻldi? — deb soʻradi sovuq ohangda.

Valya unga javob bermay, xatni olib sumkasiga soldi-da:
— Rahmat, Valentina Mixaylovna, biz shoshib turibmiz, — deb eshik tomon yurdi.

Uning tez-tez yurishidan, gapirgisi kelmay qolganidan, mashina eshigini qarsillatib yopishidan Elchin bildiki, hayajonlanyapti. Elchin arqonni uzunroq tashlashga ahd qilib, mashina motorini oʻt oldirdi-da «qayoqqa?» deganday Valyaga qaradi.
— Hosilnikiga hayda, — dedi Valya amr ohangida.

Bir necha daqiqa burun koʻzlari nozli suzilib, oʻynashlikka rozi boʻlayozgan xonim endi bekalik martabasiga chiqib oldi. Elchin ham unga soʻzsiz boʻysundi.
— Nima yozganini soʻramading? — dedi Elchin bir oz yurishgach.
— Hosil tarjima qilib beradi.
— Hosilnikiga borguncha xatning mazmuni oʻzgarib qolmaydi. Unda xazina haqida gap yoʻq.
— Nega? — Valya unga hayrat bilan tikildi. — Nimani yozibdi?
— Sen avval Zeli ogʻaga nima boʻlganini ayt.
— Aytsam, aytmasam u endi yoʻq, bildingmi?
— Nima boʻldi?
— Mening bilganim shuki, u Moskva yuritayotgan bir siyosatga aralashib qolgan. Bu sohada biron nimani bilib qolgan kimsaning tirik yurishi mumkin emas.
— Oʻldirishdimi? Qaerda? Sochidami?
— Bilishimcha, oʻzining qishlogʻida.
— Qiziq... u qishlogʻiga ketgan edi. Menga Sochidan qoʻngʻiroq qildi. Sochiga nima uchun bordi, seni koʻrganimi? Keyin yana qishlogʻiga qaytdimi?
— Mening bilganim shuki, Sochiga uni Xongirey oldirib keldi. Qutqarib qolmoqchi edi, eplay olmadi. Bu masalani chuqurlashtirma, qancha tez unutsang, oʻzingga shuncha yaxshi. Xatda nima debdi? Unga bir nima boʻlganini qaydan payqading?
— «Uzoqroq safarga qaytmas boʻlib ketsam...» deb yozibdi.
— Keyin-chi?
— Boʻyindagi qarzni sen toʻlab qoʻy, debdi.
— Qanaqa qarz?
— Fargʻonada bir turk qadrdoni bor edi. Uylari yonib ketgan ekan. Shuning oʻrniga masjid qurdir, debdi.
— Masjid? — Valya sumkasidan sigaret chiqarib labiga qistirdi-da, tutatdi. — Esi past edi Zelyaning, esi pastligi uchun oʻlib ketdi.
— Uning oʻlganini oʻzing koʻrdingmi?
— Yoʻq... Mening uyimdan olib ketishdi. Oʻlganiga ishonmayapsanmi? Ishonaver. Ularning changalidan chivin ham qutulib chiqolmaydi.

Elchin Hosilning mahallasiga yetganda chap qolib, atayin oʻng tomonga burildi. Valya buni koʻrib:
— Chapga yurmaysanmi? — dedi.

Elchinga shu gap kerak edi — Valyaning bu yerda avval ham boʻlganini aniqladi.

Darvoza ostonasida ularni Shomil qarshiladi. U gʻilay koʻzlarini Elchinga xunuk tarzda qadadi.
— Hosil uydami? — dedi Valya hovliga kirib.
— Ha, — dedi Shomil, — ichkarida.

Valya Elchinga qarab «kutib tur», dedi-da, uy tomon yurdi. Elchin turgan joyida qotib turaverdi. Shu topda, kutilmaganda xayoliga bir fikr keldi: «Zeli ogʻani shularning oʻzi gum qilmadimi? — deb oʻyladi u. — Bularga faqat pul kerakmi? Hosilboyvachcha shu pulga muhtojmi?»

Zelixon xayrlashayotgan paytda, qaytib kelmas boʻlib ketayotganini sezganmi, semiz diplomatni Elchinning qoʻliga tutqazib: «Buning ichida ozgina pul, tilla, javohir bor. Qaytib kelmasam, men aytganday ishlatasan. Nima qilishingni bir xatga yozganman. Xatni Valentinanikiga qoʻyganman. Qaerdaligini senga alohida ma’lum qilaman. Ishonmayapti, deb oʻylama. Shu xatni oʻqib, nima boʻlganimni, nima qilish kerakligini bilasan», degan edi. Keyin «bu diplomat sen uchun bombaday gap, buning xushtorlari koʻp. Oʻn yildan beri qidirishadi. Oʻzing ham ehtiyot boʻl, buni ham ehtiyot qil», deb tayinlagan edi. Xazina Elchinning ixtiyorida, xat mazmunidan xabardor. Unga faqat bularning asl maqsadlari qorongʻu.

«Zeli ogʻa aytgan xushtorlardan biri shularmi? Oʻlim oldida bularni chalgʻitdimi? Oʻlim oldida? Meni bular laqillatmayaptimi? Unda xat-chi? Xat soʻnggi chora edimi u uchun?»

Elchin Zelixonning Fedyani laqillata olgani, uning marhamati bilan ketar chogʻida toʻshak bahona, Valyaning yotogʻiga kirganidan, maishat oʻrniga Valyaga gap tayinlaganidan bexabar edi. Valyaning Moskvaga uchgani, Xongirey bilan uchrashgani, Elchinni himoyasiga, Jamshidni esa xizmatiga olish haqidagi Zelixonning iltimosini yetkazgani ham u uchun qorongʻi edi. Zelixon ertami-kechmi Jamshid qaytsa, Elchin uni gumdon qilishga urinib, oʻzi ham halok boʻlishi mumkin, degan xavotirda shu iltimosni Xongireyga yetkazgan edi.

Zelixonning oʻlimga borayotib ham birodarining bexavotirligini oʻylashi Elchinga noma’lum edi. Ma’lum boʻlgandami, bu ayriliqqa chidashi nihoyat darajada ogʻir boʻlardi...

Bir ozdan soʻng Hosilboyvachcha eshik ostonasida koʻrinib, Shomilni chaqirdi-da, unga nimadir deb pichirladi. Shomil Elchin tomon qarab olgach, tez-tez yurib koʻchaga chiqdi. Elchin bir fitna boshlanganini sezsa ham, joyida tek turaverdi. Hosilboyvachcha kelib koʻrisharmikin, degan maqsadda ostonada picha turdi. Elchin uning maqsadini sezmaganday, bosh irgʻab boʻlsa-da, salomlashmadi.

Hosilboyvachcha zaharli iljayib, u tomon yurdi.
— Keling, Hofiz aka, qanday shamol uchirdi? — dedi piching bilan.

Elchin «Sochining shamoli» demoqchi edi, Valyaning «Siz endi Xongireyning himoyasidagi odamsiz», degan gapini eslab:
— Xongireyning shamoli, — deb, u ham zaharli iljaydi.

Valya ham uydan chiqqach, uchovlari shiypon tomon yurdilar.
— Hofiz aka, bir suhbatingizni olaylik, ja sogʻintirib yubordingiz.

Elchin bu zaharli jilmayish, bu soxta mulozamat ortida qandaydir shumlik borligini bilsa-da, oʻzini hech nima bilmaganday erkin tutdi.
— Xoʻsh, Hofiz aka, toʻylar qalay, boʻlib turibdimi? — dedi Hosilboyvachcha yastanib oʻtirib. — Choʻtalni endi kimga beryapsiz? Bek akamgami?
— Bek akangiz choʻtal oladigan gadolar toifasidan emaslar. Shuni bilmasmidingiz? Men ham choʻtal beradigan ovsar emasman. Ogʻzidagi luqmasini oldiradigan laqmalar boshqalar.

Elchin «choʻtal oladigan gadolar» deganda eng avval Hosilboyvachchani nazarda tutib, oʻz koʻnglida uni tuzlagan edi. Hosilboyvachcha oʻziga qarata haqorat toshi otilganini bildi. Bildi-yu, sir boy bermay masxaraomuz kuldi:
— Katta ketmang, Hofiz aka, buzoqning yugurgani somonxonagacha.

Elchin «bir marta tuzlaganim yetadi, toʻngʻiz bilan olishishdan foyda yoʻq», degan fikrda bu zaharli gapga javob qaytarmadi.

Ikki soat davomida mayda-bachkana gaplar bilan band boʻldilar. Shomil hovliga kirib uzoqdan «yoʻq» ma’nosida bosh chayqagach, Hosilboyvachcha tizzasiga shapatilab urib, oʻrnidan turdi:
— Rahmat, Hofiz aka, bi-ir miriqdik suhbatingizdan. Shunaqa kelib turing... Otamlashish yaxshi narsa-da, a?

Valya xayrlashish uchun qoʻl uzatmay, sovuqqina bosh irgʻab qoʻydi.
— Akangiz buni tuflamay yopishtiribdi, shunga xafa, — dedi Hosilboyvachcha.
— Qaytishga yoʻlkirasi boʻlmasa beraymi? — dedi Elchin piching bilan.
— Oʻpkangizni sal bosibroq yuring, Hofiz aka.

Elchin «bu kunlaringdan oʻlganlaring yaxshi» deb oʻylab koʻchaga chiqdi-da, mashinasiga oʻtirdi. Shomilning nima sababdan yoʻq boʻlganini uyiga qaytgach bildi: uyi yov bosgan dala holiga keltirilgan edi. Gʻilay hech narsadan tap tortmay uyni algʻov-dalgʻov qilib, Zelixonning xazinasini qidirgan edi.

Elchin shundan soʻng Valyani boshqa koʻrmadi. Lekin Hosilboyvachchaning yigitlari kuzatib yurganini sezdi. Shu sababli Fargʻonaga borish, masjid qurish ishini keyinroqqa surdi.

XXVI bob

1

Xasta Asadbek uchun Krasnoyar safarining oʻzi yetarli edi. Jismini ezayotgan ogʻriqqa chidadi, sabr etdi, lekin ruh azobiga dosh berishi ogʻir kechdi. Otasi bilan gʻoyibona uchrashuvining oʻziyoq yuragi uchun ogʻir yuk edi. Ana shu yuk bilan uyga qaytaman, deb turganida yangi safar tashvishi koʻndalang boʻldi. Oʻgʻillarini uylantirish masalasi fikrini band etsa-da, uni yaxshi ma’nodagi tashvishlar sirasiga qoʻshish mumkin. Biroq Xongirey bilan uchrashuv... Hosilboyvachchaning Xongirey orqali tazyiq oʻtkazmoqchi boʻlishi... Asadbek bu yigitning qachondir chang solishini bilardi. Lekin boshqa birovning tirnoqlari bilan chang solishi mumkinligini oʻylab koʻrmagan edi. Kesakpolvonga: «Hosil haddidan oshgan kuni bir chertsam, chiqqan joyiga kirib ketadi», deb yanglishganini endi angladi. Hosilboyvachcha bilan olishuv oylari, kunlari yaqinlashganini ham fahmladi. Bu haqiqatni kechroq tushunib yetganini ham bilib «nega gʻaflatda qoldim?» deb ezildi.

Xongireyning chiqib ketayotib, eshik ostonasida aytgan gapi Asadbekni ham, Chuvrindini ham uzoq oʻyga botirdi. «Bir yigiting endi mening xizmatimni qiladi. Uni qidirma, u sen uchun oʻlgan», degan gap Asadbek uchun muammo boʻlib qolaverdi. Chuvrindiga esa chigalning bir uchi koʻrindi. U oʻsha kuniyoq Sochiga, Jamshid yashayotgan uyga qoʻngʻiroq qildi. Uy bekasi Jamshidni ikki yigit kelib olib ketganini aytdi. Chuvrindi Jamshidni Xongireyning yigitlari olib ketganini tushundi. Lekin unga bir narsa qorongʻi edi: Xongirey Jamshidning iziga qanday tushdi?

... Asadbek kutib olgani chiqqan Kesakpolvonga qarab «eski shaharga boraman», dedi. Uning xohishi Kesakpolvonga gʻalati tuyulsa-da, amriga itoat etdi.

Asadbek bolaligi oʻtgan uyga qadam bosganida oʻpkasi toʻlib, yigʻlagisi keldi. Boʻgʻzi faryod toʻlqinlariga toʻgʻon boʻlsa-da, kipriklari yosh daryosini toʻsa olmadi. Chuvrindi uning holatini bilib, Kesakpolvonni toʻxtatdi. Ikki a’yon hovlida qoldi.

Asadbekning xayolida onasi uyda oʻtirgandek, «bolam, adangni koʻrib keldingmi?» deyayotgandek edi. Ichkari uyda Samandar xasta ovozi bilan «Samaloʻt, qanotiyni pastlab oʻt...» deganday boʻldi... Asadbek kursiga dahanini tirab, anchagacha oʻtirdi. Koʻzlaridan yosh quyulaverdi. Boʻgʻzini hatlab oʻtolmayotgan faryod yuragini ezaverdi.

U qancha oʻtirganini bilmaydi, yosh daryosi qurib, faryod pinakka ketganida Chuvrindini chaqirdi:
— Mahmud!

Yigʻi aralash, titrab chiqqan bu ovozni eshitib, ikkala a’yon ham shoshilib ichkari kirdilar.
— Mahmud, sen mahallaga chiqib, Soli otani top. Elliginchi yilda bir pochtachi boʻlardi. Oʻshani boshlab kelsinlar. Ha, chap qulogʻini oʻq olib ketgan pochtachi degin.

Chuvrindi koʻchaga chiqib ketgach, Kesakpolvon «men uyda qolaveraymi yo chiqaymi?» degan ma’noda qaradi. Xayoli ota-onasi bilan band boʻlgani uchun Asadbek unga e’tibor ham bermadi. Krasnoyardagi uchrashuvda otasining uydan maktubni orziqib kutganini eshitgandayoq chap qulogʻi yoʻq odam bilan gaplashib qoʻyishni niyat qilgan edi. Asadbek uning ismini bilmasdi. Yodida qolgani — onasi deyarli har kuni uning yoʻlini poylardi. Koʻchada koʻrinishi bilan Asadbekni chaqirardi. «Bolam, xatchi amaking kelyaptilar, yugura qol, «adamlardan xat bormi?» deb soʻragin. Avval salom ber, xoʻpmi?» derdi.

Asadbek har safar unga peshvoz chiqib «assalomu alaykum» derdi. U esa qovoq uyub qarab qoʻyardi, alik olmasdi. Asadbek onasiga «xatchi amaki salomimga alik olmayapti, endi salom bermayman» deganida, onasi «alik olmasa gunohi oʻziga, sen salom beraver», deb yalingan edi. Bir kuni xatchi salom bergan Asadbekning qulogʻini buradi:
— Hoy, dushman bolasi, — dedi oʻdagʻaylab, — sen nega menga Xudoni gapirasan?

Asadbek tushunmadi:
— Qachon gapirdim? — dedi yigʻlamsirab.
— «Assalomu alaykum» deysanmi? Bu nima degani, bilasanmi? Xudodan sogʻliq soʻrayman, degani. Men sening xudo-pudoyingga ishonmayman, bildingmi! Men ateistman! Men boevoy kommunistman! Ikkinchi shunaqa desang, tilingni sugʻurib olaman. Xat ham soʻrama. Men dushman xatini tashiydigan ahmoq emasman!

Asadbek onasiga bularni aytmadi. Onasi yoʻlga chiqarganda itoat etaverdi, ammo xatchiga salom ham bermadi, «adamlardan xat bormi?» deb ham soʻramadi. Oʻsha damlarda u «nima uchun oyimning oʻzlari soʻramaydilar», deb koʻp oʻylardi. Savoliga javobni keyinroq, ulgʻaygach topdi. «Xatchi oyimga sasigan boʻlsa, soʻrashga choʻchib qolgan ekanlar-da», degan ajrimga keldi.

Chuvrindi koʻp oʻtmay Soli ota bilan xatchini boshlab kirdi. Asadbek oʻrnidan turib Soli ota bilan koʻrishdi. Xatchining uzatilgan qoʻli muallaq qoldi. Asadbek unga oʻtli nazarini qadadi:
— Meni taniysizmi? — dedi qahr bilan.
— Taniyman, Bekjon oʻgʻlim, adangiz bilan frontovoy oʻrtoq edik.

Tilyogʻlamalik bilan aytilgan bu gapdan Asadbek portladi:
— Frontovoy oʻrtoqmiding hali sen?! Adamning xatlarini nima qilarding, xunasa?!

Asadbekning vajohatidan choʻchigan Soli ota «yana urib qolmasin», degan xavotirda oʻrtaga tushdi.
— Asadjon, bolam oʻzingni tut. Bu bechorani kasal yotgan joyidan turgʻizib olib keldim.
— Bunaqa toʻngʻizni ajal ham olmaydi, — dedi Asadbek. — Urugʻi bilan quritib yoʻq qilish kerak.

Asadbek bu gapni gʻazab olovida aytib yuborgan, xatchidan, uning oilasidan qasos olish yoki jazolash niyati yoʻq edi. Xatchi esa bu gapni qat’iy hukm oʻrnida qabul qilib talvasaga tushdi:
— Menda ayb yoʻq, — dedi u yigʻlamsirab. — Menga buyurishgan.
— Kim?
— Domkom.
— Kim u?
— U odam rahmatli boʻlib ketgan, — dedi Soli ota.
— Xatlarni nima qilgansan?
— Yoqardik. Bir oʻzim emas, domkom bilan...
— Mahmud, yoʻqot buni, turqi qursin.

Xatchi yukdan boʻshagan qopday, shalvirab tiz choʻkdi:
— Oʻldirmang meni, — dedi yigʻlamsirab.
— Yoʻqol-e, — dedi Asadbek bir qadam tislanib.— Oʻzi oʻlolmay yuribsanu seni oʻldirib nima baraka topdim. Yoʻqol, deyapman! Mahmud, uyiga olib borib qoʻy, yoʻlda oʻlib qolmasin. Soli ota, sizni ham olib borib qoʻyadi. Krasnoyarga borib, adamlarning qabrlarini topdim. Keyinroq xotirjam gapirib berarman.

Ular chiqib ketishgach, Asadbek yana jagʻini kursiga tirab oʻtirib oldi. Bir ozdan soʻng qattiq yoʻtal tutib, sillasini quritdi.

...Asadbek Kesakpolvonning qistovi bilan uyiga ketdi. Uning niyati tunni bolaligi oʻtgan uyda oʻtkazish edi. Bedardning oldida boshimni ogʻritma, deganlariday, Kesakpolvon doʻstining dardiga sherik boʻla olmas edi. Garchi umr deb atalmish yoʻlda bir aravada borayotgan boʻlsalar-da, ularning yuraklaridagi dard boshqa-boshqa edi.

Manzura eriga bir qarashdayoq ahvolini sezdi. Asadbekning ozib, yuzlari za’faron tus ola boshlaganini uning ziyrak nigohi ilgʻadi. Asadbek mehmonxonada, oʻzi oshxonada boʻlsa ham erining yoʻtalini eshitib yuragi ezildi. Mehmonlarning tezroq qaytishini istadi. Yoʻqlab keluvchilarning jilish niyatlari yoʻqligini fahmlab, Chuvrindini imlab chaqirdi:
— Akangiz charchaganga oʻxshaydilar?

Chuvrindi uning maqsadini angladi.
— Hozir imi-jimida bir nima deb qoʻyaman.

Chuvrindining «imi-jimida» gapidan soʻng mehmonlar qoʻzgʻolishdi. Bir oz fursat oʻtib Kesakpolvon bilan Chuvrindi ham ketishgach, Manzura idish-tovoqni qiziga topshirib, oʻzi mehmonxonaga kirdi.

Divanda yonboshlab yotgan Asadbek oʻrnidan qoʻzgʻolmadi.
— Joyingizni qilib beraymi? — deb soʻradi Manzura.
— Oʻtir, — dedi Asadbek. — Nima qarorga kelding?
— Bilmasam... Siz nima desangiz shu.
— Unda tayyorgarligingni koʻr.
— Qizlari... — Manzura «qanaqa ekan?» deb soʻramoqchi edi, Asadbek gapirtirmadi.
— Qizlari oʻgʻillaringga yoqibdi. Sovchi boʻlgan kishi qizlar yevropacha emas, musulmoncha tarbiya koʻrgan, dedi. Sen avval bor, koʻr, yoqsa kelin qil, yoqmasa yoʻq. Men oʻgʻillaringni oʻsha yerda oʻqib, oʻsha yerda ishlashini xohlayapman.
— Biz-chi?
— Biz... nima, uch-toʻrt yilga chiday olmaysanmi? Ish oʻrganib, oʻzlarini tutib olishgach, kelishadi.
— Butunlay qolishmaydimi, ishqilib?
— Kallang bormi? Butunlay qoladiganlar boshqa, bolalarimiz boshqa. Xullas, ovoza qilmay, tayyorlanaver.
— Zaynab-chi?
— Uni keyinroq yuboramiz.
— Kuyovingiz...
— Nima boʻldi yana?
— Hech nima boʻlmadi, oʻzi aytaman-da...
— Chaynalma.
— Toʻylarda yurib... qizingiz yolgʻiz qolyapti-da. Toʻy-poʻyni yigʻishtirsa boʻlmasmikin? Boshqa ish topib berasizmikin, devdim.

Zaynab kasalxonada ekanida Asadbek ham buni oʻylagan, ammo aniq bir qarorga kelmagan edi. Xotini qoʻrqibgina aytgan gap ma’qul tushgan boʻlsa-da, sir boy bermay:
— Sen aralashma bunga,— deb qoʻydi.

Kechasi Asadbekning kuragida yana ogʻriq qoʻzgʻoldi. Xotinining xavotirli koʻziga qarab: «Shamollash tarqamayapti», deb izoh berdi. Kuragiga isitgich qoʻygach, joni orom olib, uyquga ketdi. Ertalab uygʻonganida ogʻriq ham bosh koʻtardi. «Uyda oʻtirsam battar boʻladi», deb Chuvrindi kelishi bilan shahar markazidagi qarorgoh tomon yurdi.

Asadbek kechqurun xayrlashar mahalida Kesakpolvonga Qilich Sulaymonovni topishni tayinlagan edi. Kesakpolvon buyruqni bajarib, uch qavatli imorat yertoʻlasida Asadbekni kutib oldi.
— Turma yoqibdi senga,— dedi Asadbek, Qilich Sulaymonov bilan koʻrishib.— Odambashara boʻlib qolibsan.
— Akaxon, aybimga yarashasi boʻldi, gap yoʻq,— dedi Qilich Sulaymonov bosh egib.
— Aybingni bilganing yaxshi, doʻzaxdan seni kim olib chiqdi, buni bilasanmi?

Qilich Sulaymonov darrov javob bermadi. Shomil: «Ishingni Hosilboyvachcha toʻgʻriladi», devdi. Necha oy yotgan boʻlsa, Gʻilay xabar olib turdi. Asadbek buni biladimi yo yoʻqmi, Qilich Sulaymonovga qorongʻi. Bilib soʻrayaptimi yo piching qilyaptimi, buni ham farqlay olmadi. Eng yaxshi javob sukut deb bilib, boshini egganicha turaverdi.
— Mahmud, bunga tushuntirib qoʻy. Xoʻsh, zavodda ishlayapsanmi?
— Ishlayapman, rahmat.
— Amaling direktorlik boʻlmasa ham ishni oʻzing yuritasan. Olimchadan qoʻrqma. Krasnoyarga tsisternalarda vino yuborish kerak. Bexit qilish qoʻlingdan keladimi?
— Kelishga keladi-yu...
— Chaynalma.
— Olim bolangiz... Ba’zi qogʻozlarga uning qoʻli kerak.
— Qoʻl qoʻyadi. Shu bugun ishga kirish. Olimchadan rostdan ham qoʻrqayotgan boʻlsang, u yaqin kunlarda Portugaliyaga ketadi. Mahmud, ishi toʻgʻri boʻlyaptimi?
— Ha, bugun oʻzim shugʻullanaman. Faqat... eshitishimcha, qurugʻini tortishdan qaytmabdi.
— Qaytmasa ham joʻnat. Bir-ikki oy yursin. Qilich, birinchi tsisternani uning qoʻli bilan chiqarasan. Ishkal boʻlsa, gʻalvadan yiroqda turaverasan. Bilib qoʻy: sen mening odamimsan. Men seni olimchaga almashtirganim yoʻq. U ham kerak menga, lekin sen boshqasan. Seni xoinliging uchun jazoladim. Bizning oramizda xoinga faqat bitta jazo berilardi. Seni ayadik. Shunga yarasha qadam bos endi.

Qilich Sulaymonov podsho huzuridagi mulozim singari ta’zim qilib chiqdi. Shundan soʻng Asadbek oʻyga tolib, anchagacha jim oʻtirdi. Ikkala a’yon ham uning muhim gapi borligini anglab, soʻz boshlashini kutishdi. Oʻshanda Xongireyning xonaga kirib, amrini bayon etishi, hech bir qarshiliksiz, hatto e’tirozsiz chiqib ketishi Asadbekning ojizligini bildirib turardi. Toʻgʻri, Xongireyga bas kelib boʻlmaydi. Ammo Asadbek kimning oldida boʻlsin, ojiz ekanini bildirishni istamas edi. Aytmay desa, bu madda bogʻlagan yara, erta-indin yorilib, yiring oqib, hammayoqni bulgʻaydi. Aytay desa, til qurgʻur tish hatlashni istamaydi. Sukutni uzoq choʻzishi mumkin emasligini fahmlagan Asadbek nihoyat tilga kirdi:
— Hosil haddidan oshyapti,— dedi Kesakpolvonga qarab.
— Qilichga ega chiqmoqchimi?
— U endi Qilichni boshiga uradimi. Bu xunasaning ishtahasi boshqacharoq. Kozlovga osilyapti. Xongirey bilan tillashib qolgan, shunga hayronman.
— Voy itvachcha! — dedi Kesakpolvon.— Voy turqingga uray!..
— Voy-voylamay tur,— dedi Asadbek jerkib.— Xoʻp, deylik, biz Kozlov bilan oldi-sotdi qilmadik. Keyin nima boʻladi? Shu bilan toʻyadimi?
— Toʻymaydi,— dedi Chuvrindi.— U goʻrda ham toʻymaydi. Men oʻzimcha bir fikr qildim. Hosilning asl moʻljali vinzavod emasmikin?
— Mening fikrim ham shunday,— dedi Asadbek.
— Vinzavod kerak boʻlsa, Kozlovga osilib nima qiladi? — dedi Kesakpolvon.
— Vey, sen qaering bilan oʻylaysan, oʻzi! — deb achchiqlandi Asadbek.— Kozlov bilan asosiy ishimiz nimada, vinodami? Qilichga nima uchun yopishdi.
— Chaqir uni. Ochigʻini aytsin. U-bu desa tinchitib yuboramiz.
— Tinchitish osonmas,— dedi Chuvrindi.
— Osonmas...— dedi Asadbek.— Lekin tinchitish shart! Boshqa yoʻl yoʻq. Faqat... isini chiqarmay tinchitish chorasini topish kerak. Hozircha arqonni uzunroq tashlaylik-chi. Bir-ikki tsisterna yuborganimizdan keyin oʻzi ham gʻimirlab qolar. Oʻshanda shartta boʻgʻamiz. Men uni chaqirmayman, oʻzi kelsin...

2

Osmonni balo bulut qoplagan, tepasidan qaygʻu yomgʻiri tomchilab, hovlisida tashvish alaflari koʻkara boshlagan odam dardini kimga aytsin? Asadbek keyingi haftalar ichi ana shu holga tushdi. U ba’zan oʻzini qorongʻu jarlik ichida his etar, bu jarlikda abadul-abad qolib ketadiganday vahima bosardi. Biroq u vahima quli boʻlib qolmadi. Bu jarlikdan chiqishga oʻzida kuch topdi. Dardi oddiy shamollashmasligini bilganida, bir choʻkay dedi-yu, qaddini rostlab oldi. U tanish tabibga uchrashib haqiqatni aytishini talab qildi. Asadbekka bunday bedavo xastalik bilan uzoq yashash mumkin emasligi ayon edi. Ayni choqda, oʻlimidan soʻng xonadonida hayot davom etajagini ham yaxshi anglar, oʻzidan soʻng kechajak bu hayotning munavvar boʻlmogʻini istardi. Misqollab yiqqanini botmonlab sovurilishiga yoʻl qoʻya olmasdi. Haqiqatni bilgach, endigi hisobli kunlarida nima qilishi lozimligini oʻylay boshladi. Birinchi galda, Manzurani oʻgʻillari yoniga joʻnatishni tezlatishi kerak edi. Xuftondan soʻng u Chuvrindini chaqirtirdi.

Chuvrindi darrov yetib keldi. Asadbek mehmonxonada edi. Kuzning salqini ta’sir etib, uy derazalarini ham yopib olgandi. Chuvrindini Manzura qarshilab, past ovozda:
— Mahmudjon, akangizni tuzukroq doʻxturga koʻrsating. Balgʻam tashlashlari yaxshi boʻlmayapti-da,— dedi.

Chuvrindi:
— Koʻrsatyapmiz, Xudo xohlasa, tuzalib ketadilar,— deb mehmonxona sari yurdi.

Ichkari kirib, Asadbekning qarshisiga oʻtirdi. Asadbek unga sinov nazari bilan tikilib qoldi.
— Mahmud, Krasnoyarda mazam qochganida bilganmiding buni?

Chuvrindi javob bermay, koʻzini olib qochdi.
— Yashirma. Sen bilibsan, boshqalar bilmasin.
— Doʻxturlar gapiraveradi. Kasalxonada yotib davolanish kerak.
— Yoʻq. Kasalxonaga yotsam, dunyoga ovoza boʻldi, degan gap. Toʻgʻri aytasan, balki unaqa kasalmasdir, Xudo biladi. Lekin yurakda gʻulgʻula bor. Shuning uchun ba’zi omonat gaplarni aytib qoʻyishim kerak senga.
— Yomon nafas qilmang.
— Gaplarimni eshit: sen menga begona emassan, ukamsan. Oʻgʻillarim-jiyanlaring. Ularning oʻqishi chala qolmasligi kerak. Kennoyingni tezroq joʻnat.
— Siz-chi?
— Meni qoʻya tur. Tillani koʻpaytir. Kennoying belni baquvvat qilib borsin. Agar menga bir gap boʻlsa, xabar bermaysan, oʻsha yoqda uzoqroq turaversin. Men senga ishonaman, lekin Haydar akangdan xavotirdaman. U xomkalla qovun tushirib qoʻyishi mumkin. Oʻzi oʻziga xon boʻlsa, yo qamalib ketadi, yo itday oʻlim topadi. U ahmoq sening gapingga kirmaydi, sen uni boshqara olmaysan, bilaman. Ikkalang ikki qoʻchqor boʻlib suzishsang — tamom!

Asadbek unga tikilib olib gapirar, Chuvrindi esa boshini egib jimgina tinglardi. Moskvada ekanida, tibbiy xulosalarni yirtib tashlaganida yuragida umid bor edi. Bu yerdagi tabiblarning gaplari ham oʻsha xulosaga mos kelgach, yuragiga vahima oraladi. Uni haqiqatdan xabar topgan Asadbekning holati tashvishga solardi. Asadbekning oʻzini bu qadar dadil tutishini oʻylamagandi. Ikkinchi katta tashvishi Asadbekdan soʻng Kesakpolvon bilan boʻlajak mojarolar edi.

Asadbek aytadiganini aytib boʻlgach, Chuvrindini gapirtirmadi. «Uyingga borib, damingni ol», deb ruxsat berdi.

Chuvrindi ketishi bilan Manzura kirdi. Asadbek xotiniga yolgʻiz roʻpara kelishdan, uning gap boshlashidan choʻchidi. Umrida birinchi marta nigohini yashirishga harakat qildi. Erining koʻz qarashidanoq nima demoqchi boʻlayotganini anglashga oʻrgangan Manzura uning bir dardini yashirishga urinayotganini sezdi. Roʻparasiga oʻtirib:
— Adasi...— deb gap boshlamoqchi edi, Asadbek oʻrnidan turdi.
— Safarga tayyormisan, erta-indin joʻnaysan,— dedi.
— Siz-chi? — deb soʻradi Manzura hayratlanib.
— Men... menga hukumat ruxsat bermabdi. Toʻgʻrilasa boʻladi, deyishyapti, orqangdan yetib boraman. Borolmasam, toʻyni oʻtkazib, kelinposhshalarni boshlab kelaverasan. Toʻyning oʻgʻil bolasini shu yerda qilamiz.
— Voy, adasi...
— Boʻldi, gapni choʻzma. Men yotaman, charchadim.

Yotishga yotdiyu koʻziga uyqu ilinmadi. Yarim soatdan soʻng telefon jiringlab, boloxonadagi yigit Krasnoyardan Kozlov soʻrayotganini ma’lum qildi.

Kozlov hol-ahvol ham soʻrab oʻtirmay, muddaoga koʻchdi:
— Asad, menga hech nima yubormay tur, vaziyat oʻzgaradiganga oʻxshaydi.
— Ie, kecha bir tsisterna joʻnatdik-ku?

Bu gapni eshitib, Kozlov sukut qildi, keyin bir qarorga kelib:
— Bir ilojini qilarman, tashvishlanma. Juda boʻlmasa Irkutskka oʻtkazib yuborarman. Hozircha aloqani uzib turamiz. Ish toʻgʻri boʻlishi bilan oʻzim xabar qilaman.
— Xongireymi?
— Ha.
— Ehtiyot boʻl.

Shu soʻz aytilishi bilan telefon uzildi.

Asadbek uchun bu kutilgan noxush xabar edi. Lekin u Xongirey bu tarzda tez siquvga olar, deb oʻylamagandi. «Xongirey u tomonda ishga kirishgan boʻlsa, Hosil nima karomat koʻrsatar ekan?» Asadbek bu haqda koʻp oʻyladi. Oʻzi bergan savolga tayin javob topa olmagach, a’yonlarini chaqirtirdi.

3

Qilich Sulaymonov qil ustida yashayotganini bilardi. Yolgʻiz Asadbekka xizmat qilayotgan boʻlsa ham, yoki aksincha, faqat Hosilboyvachchaning yumushlarini bajarsa ham oʻlajagi unga ma’lum edi. Shu bois usta dorvoz holida yashashdan oʻzga chorasi yoʻq edi. U Asadbekning xizmatlarini bajarish barobarinda Hosilboyvachchani boʻlayotgan ishlardan xabardor qilib turardi. Krasnoyarga bir tsisterna vino yuborilgani Hosilboyvachcha uchun xushxabar edi. U xabarning suyunchisiga «zavodni oʻz-oʻzingga olib bermagan — nomard» deb va’da berdi. Oʻsha zahoti bu xabar Xongireyga yetkazilib, moʻljaldagi rejani amalga oshirishga kirishildi.

Hosilboyvachcha bunday fursatni uzoq vaqt kutdi. U avvaliga Asadbekka havas qilgan boʻlsa, bora-bora bu havas hasadga aylandi. Bu hasad yillar boʻyi bir on boʻlsin, uni tinch qoʻymadi. Agar shu yillar ichi undan «yashashdan maqsad nima?» deb soʻralsa, shubhasizki, «maqsadim yagona — Asadbekni yanchish», derdi. U oʻylay-oʻylay gʻoliblikning eng qulay, eng yaqin yoʻlini topa oldi. Zoʻrni zoʻrroq bilan yiqish afzalligiga aqli yetgach, fursatni boy bermadi. Xongireyning qirq yoshga toʻlganini eshitdi-yu, «baxtimdan oʻrgilay», deb otni qamchiladi. Ortiqcha chiqimga toqati boʻlmasa-da, bu safar xasislik qilmadi. Tilladan chiroyli tumor yasatib, «2049 yil, 100 yosh» deb yozdirdi-da, Moskvaga qarab uchdi. Uch kun davom etgan katta ziyofatga u yaqinlasha olmadi. Tantanalar tugab, Xongirey hordiq chiqargach, uni qabul qildi, Hosilboyvachcha salom berib kirib, uning boʻyniga tilla tumorni osib, «Siz-bizning valine’matimizsiz», deyishi Xongireyga yoqdi. Kimligini soʻrab-surishtirdi. Xongirey Asadbekni bilardi. Asadbekning bir oz magʻrurligi unga yoqinqiramasdi. Bu yigitning Asadbek oʻrnidan umidvorligi shu sababli ma’qul keldi. «Menga shunaqa mutelar kerak», deb uni qoʻllashga ahd qildi. Krasnoyarda Kozlovni sindirishi qiyin kechayotgan edi, endi bir hamlada ikki raqibni yengish imkoni tugʻilib Hosilboyvachchaning tashrifidan mamnun boʻldi.

Hosilboyvachcha orqasida qad koʻtarayotgan togʻdan quvvat olib, qal’ani toʻla zabt etmoq qasdida dadil hujum boshlashga ahd qildi. Ana shu paytda Shomil unga yana bir xushxabar yetkazdi:
— Asadbek oʻladigan kasal emish,— dedi u irshayib.
— Qayoqdan olding bu gapni? — dedi Hosilboyvachcha ishonqiramay.
— Doʻxtiri aytdi. Asadbekni koʻrib qoʻyganini eshitib, giribonidan oldim. «Qasam ichganman, aytolmayman», deydi. «Qasam kerakmi senga yo jonmi?» devdim, darrov gulladi. Yo ikki-yo uch oylik umri qolibdi. Oʻlishi aniq ekan.
— Ikki-uch oylik dedingmi? Yaxshi! Vinzavodni oʻz qoʻli bilan topshirib ketsa ham boʻlarkan, a?
— Oʻlishini kutmaysizmi?
— Yoʻ-oʻq. Osongina oʻlib ketmasin-da. Mening kimligimni bilib, keyin oʻlaversin. Bir paytlar koʻkragimdan itarib, yoniga yoʻlatmovdi. Mendan koʻra Chuvrindi qullarini afzal koʻruvdi. Baribir men uni yengdim! Avval mening kulgimni koʻrsin, keyin oʻlsin!
— Endi unga kassetani koʻrsatsa boʻlar?
— Shoshmay tur. Men hali undan battarini koʻrsataman. Sen lalayganroq yigitlaringdan birini tayyorlab qoʻy.
— Kesatyapsizmi, lalayganini nima qilasiz?
— Oʻlib ketsa achinmagin deyman-da, — Hosilboyvachcha shunday deb kulimsirab qoʻydi. Uning koʻmma gapini Gʻilayning kalta fahmi anglab yetmadi. Tanlagan yigitini bir haftadan soʻng qonga belanib yotganini koʻrgachgina tushundi.

Unga qadar esa...

Unga qadar Hosilboyvachcha Asadbekni yoʻqlab uch qavatli imoratning yertoʻlasidagi qarorgohiga bordi. Manzurani kuzatgach, Asadbek uyga borgisi kelmay toʻgʻri shu yerga kelgan, xona issiq boʻlishiga qaramay, qalin kiyimda oʻtirar edi. U Chuvrindi bilan qandaydir qogʻozlarni koʻzdan kechirayotganda Hosilboyvachcha kirdi. Chuvrindi qogʻozlarni yigʻishtirib «nima qilay?» degan ma’noda Asadbekka qaradi. «Oʻtir», degan ishoraga itoat etib, joyidan jilmadi.
— Bek aka, sogʻ-salomat borib keldingizmi safarlarga? — dedi Hosilboyvachcha Asadbekni quchoqlab. Dimogʻiga yomon hid urildiyu nafasi qaytib «oʻlishi chin shekilli?» deb oʻyladi.
— Oʻzing qalaysan? Ishlaring yurishyaptimi? — dedi Asadbek sovuqroq ohangda.
— Soyangizda yuribmiz-da, aka.
— Mening soyamdami? — dedi Asadbek sinov nazari bilan tikilib.
— Ha-da, sizni akam deganman.
— Shunaqami? Men akangmanmi? Xongirey-chi? Togʻangmi yo ammangning erimi?
— Gapni ham qiyvorasiz-da, akaxon.
— Sen boʻladigan gapni qil. Shu paytgacha Asadbekni birov laqillata olmagan. Sen gijinglamaginu dardingni ayt: nima kerak senga?
— Dangal gapmi? Gapning oʻgʻil bolasi shuki, menga hozircha vinzavod kerak.— Hosilboyvachcha shunday deb gʻolib odamning nazari bilan unga tik qaradi. Asadbek undan bu darajadagi surbetlikni kutmagan edi. Shartta tarsaki tortib yubormoqchi boʻldi-yu, oʻzini tiyib soʻradi:
— Hozircha vinzavodmi? Undan keyin-chi?
— Undan keyingisini oʻshandan keyin gaplashamiz.
— Agar Xongireyga bachchalik qilmaganingda senga vinzavodni sovgʻa qilib berardim.
— Akaxon, ogʻzingizga qarab gapiring. Bizda ham izzat-nafs bor.
— Senda izzat-nafs bor ekanmi? Kelib-kelib oʻsha haromiga orqa qilyapsanmi? Ikki oʻzbek mol talashsayu luqmasini begona olib ketsa, yana sen izzat-nafs haqida gapirasanmi? Bu kundan oʻlganing yaxshi.
— Endi, akaxon, sovuq nafas qilmang, hammamiz issiq jonmiz, kim oldin oʻladi, Xudo biladi.

Hosilboyvachchaning bu ilmoqli gapini eshitib, Asadbek Chuvrindiga savol nazari bilan qarab oldi.
— Bek aka, jahlingiz chiqmasin, dunyo bozor-da, bir sizning omadingiz keldi, endi gal meniki. Vinzavodni tekinga olmayman. Juda katta narx qoʻyaman. Darrov rozi boʻlganingizni oʻzingiz ham sezmay qolasiz.
— Bu nima deganing?

Hosilboyvachcha kulimsirab pidjagi choʻntagidan videokassetani olib uzatdi.
— Bu nima? — dedi Asadbek ajablanib.
— Qoʻyib koʻring. Men yarim soatdan soʻng telefon qilaman,— Hosilboyvachcha shunday deb chiqdi.
— Doʻxtirni top,— dedi Asadbek Chuvrindiga.— Gapini eshitdingmi, is olganga oʻxshaydi.

Chuvrindi lozim raqamni terib, tabibni topdi-da, dabdurustdan:
— Nega qasamni buzdingiz? — dedi. Tabib javobga taraddudlanganidan foydalanib, soʻroqni davom etdi:— Kimga aytdingiz?

Tabib gʻudranib bir gʻilayning zoʻrlaganini ma’lum qildi.
— Gʻilay Shomil,— dedi Chuvrindi goʻshakni joyiga qoʻyib.— Nima qilamiz?

Asadbek yoʻtalib olgach, yoshlangan koʻzlarini unga qadab jahl bilan dedi:
— U qasamni buzdi!

Chuvrindi chiqib Boʻtqaga tabibni nima qilish lozimligini aytgach, xonaga qaytib videokassetani qoʻydi. Hammom... Ikki juvon... Biri birini quchoqlayapti...
— Oʻchir! — deb baqirdi Asadbek. Chuvrindi amrni bajarishga ulgurmay, sapchib oʻrnidan turdi-da videomagnitofonni tepdi. Ogʻziga kelganini qaytarmay boʻralab soʻka boshladi. U Hosilboyvachchani soʻkyaptimi, yo Zaynabnimi, Chuvrindi farqlay olmadi.

Xastaligini ham, vujudidagi ogʻriqni ham unutgan Asadbekni gʻazab oʻzini bilmas darajaga keltirgan edi. Uning koʻziga hozir hech nima koʻrinmasdi. Mana shunday hol yuz berishi mumkinligini hisobga olgani uchun ham Hosilboyvachcha videokassetani tashlab, tezgina chiqib ketgan edi.

Chuvrindi hojasining yelkalarini silab, bir oz ovutganday boʻldi.
— Anavi qanjiq tanish koʻrindi, kim u? — dedi Asadbek hansirab:
— Kasalxonadagi hamshiraga oʻxshatdim.
— Top uni, top! Yerning tagidan boʻlsa ham topasan, oʻligini boʻlsa ham top, chotini oʻzim yirib tashlayman!

Chuvrindi shoshib eshikni ochdi. Boʻtqa hali topshiriqni bajargani ketmagan edi. Chuvrindi unga kasalxonaga borishni, Zaynabni boqqan hamshirani topishni buyurdi. Bu orada Asadbek oʻtirib, titroq barmoqlari bilan telefon raqamini terdi. Goʻshaqdan Elchinning uyquli ovozi eshitilgach, baqirib soʻradi:
— Zaynab qani?
— Doʻxtirga ketuvdi...
— Ermisan yo hezalakmisan oʻzing?! — Asadbek shunday deb goʻshakni kuch bilan urib, telefonni sindirdi.

Bir ozdan soʻng eshik qiya ochilib, Boʻtqaning ixtiyoridagi qiz asta moʻralab, Hosilboyvachcha degan odam telefonga chaqirayotganini aytdi. Chuvrindi eshik tomon bir qadam qoʻygan edi, Asadbek «Toʻxta!» deb oʻzi yurdi. Telefon goʻshagini koʻtarishi hamon:
— Hosil, bilib qoʻy, kindigingdan boʻgʻzinggacha tilmasam, yurgan ekanman, erkakman deb.
— Oʻzingizni bosing akaxon,— dedi Hosilboyvachcha, uyqudan turib esnayotgan odam ovozi bilan.— Siz hoynaxoy kassetani oxirigacha koʻrmagandirsiz? Tomoshaning zoʻri bir joyda boʻlyapti, istasangiz borib koʻring. Qizingiz oʻsha yerda ayshini suryapti.— Hosilboyvachcha koʻchaning nomini aytdi, garang holdagi Asadbek darrov ilgʻab olmadi. Hosilboyvachcha buni sezgandek, manzilni yana ikki marta takrorlab, gapni bas qildi.

Asadbek merov odamdek qaqqayib turib qoldi. Keyin fikri bir oz tiniqlashgach, shasht bilan yurib, ichkari kirdi-da, temir javonni ochib, toʻpponchani qoʻlga oldi.

Mahmud masalaning jiddiyligini tushunib:
— Yigitlarni chaqiraymi? — deb soʻradi.
— Yoʻq! — Asadbek shunday deb tez-tez yurganicha koʻchaga chiqdi. Mashinaga suyanganicha qoʻlini qovushtirib turgan Halimjon uning avzoyini koʻrib shoshib qoldi.
— Mahmud, rulga oʻtir,— deb buyurdi Asadbek mashinaga yaqinlashgach. Mashina joyidan jilgach, manzilni aytdi.

Boradigan joylari bu yerdan uzoq emasdi. Toʻrt qavatli gʻishtin imoratning uchinchi qavati. Oʻn yettinchi xonadon. Eshik qulflanmagan. Chuvrindi bir itargandayoq ochildi. U ichkari kirmoqchi edi, Asadbek yelkasidan ushlab toʻxtatdi-da, oʻzi oldinga oʻtdi. Oʻng tomondagi eshik oʻrniga parda tutilgan. Oʻsha xonadan Zaynabning ovozi keldi. Asadbek pardani yuldi. Qizi bilan yigitning sharmandali holatini koʻrib, taxtadek qotdi. Yuragi urishdan toʻxtagandek boʻldi. Qoʻl-oyogʻi muzladi. Parda yulinganini sezgan yigit oʻgirildi. Asadbekni koʻrgach, qoʻrquvdan koʻzlari kosasidan chiqar darajada baqraydi. Uning qoʻrquv aralash qarashi Asadbekni hushiga keltirdi. Titroq barmoqlari choʻntagidan toʻpponchani oldi. Tepki bosildi. Zaynab chinqirdi. Yigit oh urishga ham ulgurmadi. Toʻpponchadagi barcha oʻqlar uning koʻkragidan makon topdi.

Chuvrindi Asadbekni toʻxtata olmadi. Aniqrogʻi toʻxtatishga harakat ham qilmadi. Boshqa chora yoʻqligini u bilardi. Faqat Zaynabga oʻq tegmaganiga ajablandi.

Toʻpponchada oʻq qolmagan boʻlsa-da, Asadbek uning dastasini mahkam siqib turardi. Chuvrindi barmogʻini dastadan ayirib, toʻpponchani oldi-da, Zaynab tomon bir qarab olib:
— Pastda kutamiz,— dedi.

Koʻchaga chiqishganda Asadbek bukchayib qolgan edi. Undagi gʻazab chekinib, vujudiga dam qasos, dam alam hislari hukm oʻtkazardi. Kechagina kimsan, Asadbek (!) edi. Endi-chi... Oʻz qizi nomusini himoya qila olmagan bir notavon... Oʻz holiga yigʻlagisi keldi. Bu sharmandalik yukini koʻtarib yurgandan koʻra oʻzini otishni ham istadi. Barmoqlari beixtiyor ravishda choʻntakni paypaslab toʻpponchani izladi. Mashinaga oʻtirgach, Chuvrindi gap boshladi:
— Kasalxonada ignaga oʻtqazishganga oʻxshaydi. Uyda igna bilan doriga koʻzim tushdi. Boʻlmasa bunaqa qilmasdi.
— Yonini olma...
— Yonini olayotganim yoʻq...
— Ovozingni oʻchir... Ketdik...
— Chiqsin...
— Yur, dedim, senga!
— Odamlar koʻrmasin... olib ketaylik.

Dam oʻtmay zamin qadar ogʻir dardni yelkasiga ortib, dir-dir titrayotgan Zaynab koʻrindi.

4

Onasining safar tadorigi, kuzatish tashvishlari bilan boʻlib Zaynab dori topib emlash chorasini qila olmadi. Onasini kuzatdi-yu, ortiq chiday olmay, Mardonaga telefon qildi. Mardona qaerga kelish lozimligini aytgach, bu yangilikni darrov Hosilboyvachchaga ma’lum qildi. Bu xabarni intiq kutayotgan Hosilboyvachcha videokassetani olib, Asadbek huzuriga yoʻl oldi.

Bu harakatlarni Zaynab bilmas edi. U parda yulinib, otasi koʻringanda ham, nima boʻlayotganini anglamay karaxt edi. Oʻq otilib, beixtiyor chinqirib yuborganidan keyin hushiga kelib, qoʻrquv iskanjasiga tushdi. Qonga belangan toʻshakdan darrov turib keta olmadi. Oʻrnidan turgach, nima qilarini bilmadi. Deraza oldiga yaqinlashib, oʻzini pastga otgisi keldi. Mashina sari yurib borayotgan otasini koʻrib, yuragi ezildi. «Oʻzingni otma, otang bunga chiday olmaydi», dedi. «Nega chiday olmaydilar? — deb oʻziga oʻzi savol berdi.— Bu sharmandalikka-chi? Chidaydilarmi? Nega meni otmadilar? Ayadilarmi? Endi-chi, endi nima boʻladi? Onajonim... yaxshi ham ketganlari...»

Zaynab dovdirab tura-tura kiyinib, pastga tushdi. Mashina eshigini ochishga madori yetmadi. Uyga borishgach, mashinadan birinchi boʻlib tushdi.

Asadbek hovliga kirgach, Chuvrindiga qaramagan holda buyurdi:
— Otarchidan xabar ol, uyidamikin? Uyida boʻlsa bil: bugun otari bormi?

Chuvrindi boloxonaga koʻtarilib, bir nafasda qaytdi. Unga qadar Asadbek joyidan jilmadi.
— Uyda ekan. Toʻrt yarimlarda joʻnarkan.
— Soat beshda kel, boʻlmasa.
— Bek aka, aql oʻrgatyapti, demangu...
— Soat beshda kel, dedim, tushunmadingmi?

Chuvrindi itoatkorona bosh egib, koʻcha tomon yurdi.

Soat beshga qadar boʻlgan vaqt Asadbekning nazarida goʻyo ming yildek choʻzildi. Keng, yorugʻ mehmonxona tor, qorongʻu zindon kabi tuyuldi. Toʻrt devor tobora bostirib kelayotgandek boʻlaverdi. Xotini ketishi bilan huvillagan, endi esa zindonga aylangan uydan qochib chiqib ketgisi keldi. Ezilgan, poralangan notinch yuragi koʻkrak qafasini zarb bilan tepib, sindirib kenglikka chiqishni istadi. Yurak kenglikni sogʻinadi, qani oʻsha kenglik? Yurak halovatni qoʻmsaydi, qani oʻsha halovat? Yurak yarasiga malham istaydi, qani oʻsha malham?.. Malham — qasosmi? Ha, gʻalayon qilayotgan yurak qasosni tilaydi. Yigitlarni toʻplab, Hosilboyvachchanikiga borib uni oʻz qoʻllari bilan qiyma-qiyma qilib tashlash Asadbek uchun hech gap emas. Lekin uning sogʻlom aqli yurakning bu injiqliklaridan ustun turadi. Qasos onlarini keyinroqqa suradi. Hozir esa qizini sharmandalik yukidan ozod qilishni oʻylaydi. Buning yoʻli bir — uni hur qizlar safiga uzatish... Bu mudhish fikr unda videokassetani koʻrgandayoq uygʻongan, sharmandalikka oʻzi guvoh boʻlgach, qat’iylashgan edi. Oʻsha uyda toʻpponcha ogʻzini unga qaratishni istamadi. Bu haromxonada qon toʻkishini, jon berishini xohlamadi.

Tobora bostirib kelayotgan devorlardan qizaloqning shirin kulgisi shirin til bilan «adajon, menga nima opkeldiyiz» degani eshitildi. Bu — kichkina Zaynabning shirin kulgisi, shirin tili... Unut boʻlayozgan ovozni shu devorlar oʻziga singdirgan edi, hozir yillarni oralab oʻtib, aks-sado beryapti. Asadbek eshitmaslik uchun quloqlarini berkitib oldi. «Ada, adajon...» Devorlar shunday deb aks-sado beraverdi.

Soat beshga qadar shunday boʻlaverdi. Soat beshga qadar, Asadbekning nazarida, ming yil bu ovoz tinchlik bermadi. Lekin mudhish fikr shirin xotirotdan ustun edi...

Asadbek uyga sigʻmay, hovliga chiqdi. Hovlini, oshxonani, yertoʻlani kezdi. Nimadir izladi. Oxiri yertoʻladan bir qulochli arqon topib, bilagiga oʻrab oldi.

Chuvrindi aytilgan vaqtda kelib, bilakka oʻralgan arqonni koʻrdi-yu, muddaoni fahmladi. Arqonni olmoqchi edi, Asadbek siltab tashladi.

Chuvrindi Zaynabni chaqirdi. Mashinaga oʻtirdilar. Elchinning uyi sari yurdilar. Darvoza qulf edi. Zaynab tushib ochdi.
— Mahmud, ayt unga, poklanib chiqib, kelinlik koʻylagini kiysin.

Ostonada nima qilarini bilmay qotib turgan Zaynabga Chuvrindi bu amrni yetkazdi.

Zaynab oʻlik oyoqlarini zoʻrgʻa sudrab ichkari kirdi. U otasining bilagiga oʻralgan arqonni koʻrgan, umri nihoyasiga yetganini sezgan edi.

...Atrofga shom qorongʻusi bostirib keladir. Kech kuzning izgʻirinli nafasi sochlarini asta toʻzitadir. Juvonning vujudini esa xufton zulumoti bosadir, yurakkinasi muzlaydir, tanasi sovuqdanmi, yoxud oʻlim sharpasining qoʻrquvidanmi yengil titraydir... Kumushbibi boʻlmoqni orzu etgan, bokira, ammo inju orzulari loyga qorishgan Tuproqbibi, undan-da battar qavmda soʻnggi nafas sari boradir...

Otasi poklanib olsin, debdi, suv poklay olarmikin uning ruhini?

Asadbek bir soatga yaqin mashinada oʻtirdi. Soʻng asta tushib hovliga, undan uyga kirdi. Nazarida, oyoqlari chalishdi. Qandaydir kuch koʻkragidan itardi, orqasiga qaytmoqchi ham boʻldi. Boshqa bir kuch esa tislanishga yoʻl bermadi.

Zaynab oq libosda, uy oʻrtasida harakatsiz turar edi. Asadbek ostonada bir nafasgina toʻxtadi. Shunda ularning koʻzlari toʻqnashdi.
— Jon qizim, men seni jazolamoqchi emasman, seni bu dunyoning iflosliklaridan qutqarmoqchiman,— dedi Asadbekning koʻzlari.
— Jonim adajon, qiynalib ketdim, qutqara qoling... faqat onajonimni sogʻinaman... Onamni bir oʻpsam edi...
— Sen hur qizlar bilan birga boʻlasan...
— Yoʻq, ular mendayin sharmandani qatorlariga olmaslar...
— Hademay izingdan yetib boraman...

Asadbek bir qadam qoʻydi. Zaynab otasi tomon intilib, u ham bir qadam qoʻydi. Ota koʻngli qizini soʻnggi bor bagʻriga bosmoqni istadi. Oʻzini tutdi. Qiz ota oldida tiz choʻkmoqni istadi — tiz choʻkdi. Asadbekning koʻziga yosh quyilib kela boshladi. Faryod urib yubormaslik uchun bilagidagi arqonni boʻshatib, Zaynab oldiga tashladi-da, shart burilib chiqib ketdi. Tiz choʻkkan Zaynab otasining birgina soʻziga zor boʻlib, iltijoli nigohini uning izlariga qadab qolaverdi.

Rozi-rizolik soʻralmadi.

Asadbek mashinaga indamay oʻtirdi. Koʻkragini rulga qadab olgan Chuvrindi qaddini koʻtarib, unga savol nazari bilan qaradi.
— Hayda,— dedi Asadbek hirqiroq ovozda.

Chuvrindi uy tomonga qarab qoʻydi-yu, buyruqqa itoat etdi. Mashinani sekin yurgʻizdi. Asadbek: «Nima uchun tezlatmayapsan?» deb soʻramadi.

«Gunohlarni sen qilding-u, jabrini qizing tortdi, aybdor oʻzing boʻla turib qizingni jazoladingmi?..»

Orqa oʻrindiqda oʻtirgan kimdir shunday deb baqirganday boʻldi. Asadbek choʻchib, orqasiga qaradi. Hech kim yoʻq... takrorlandi. Endi ovozni tanidi — Jalil. Yanada qattiqroq aytdi gapini. Soʻng yana takrorladi. Har gapirganda yurakdagi muz parchalana bordi. Yurak muzdan xoli boʻlib, iliy boshlagach, baqirib yubordi:
— Toʻxta! Qayt orqaga!

Chuvrindi mashinani qaytarayotganida Asadbek:
— Zaynab, jon qizim! — deb hoʻngrab yubordi...

Soʻnggi bob

Yoxud uchinchi kitobning debochasi Asadbek, Elchin, Hosilboyvachcha.

1989 yil, 29 noyabr

1

Hosilboyvachcha bu olishuvda mutlaq gʻolib chiqqaniga amin edi. Hatto Xongireyga qoʻngʻiroq qilib, uni gʻalaba bilan qutlagan, «akaxon, siz bu yerlarning xoʻjayinisiz, biz sizga noibmiz xalos», deb kamtarlik niqobi ostida yaltoqlangan edi. U endi keyingi qadamlari haqida bosh qotirar edi. Asadbek oʻlgach, avval Kesakpolvonni yoʻq qilishni oʻylardi. Chuvrindi bilan gaplashib koʻradi, xizmat qilishga koʻnsa, unga tegmaydi. Koʻnmasa urugʻi bilan quritib yuboradi. Ana undan keyin mayda-chuyda toʻdalar oʻz xohishlari bilan emaklab kelaverishadi. Egilgisi kelmaganlarning beli sinadi... Hosilboyvachcha yangi yilni rejasi boʻyicha yagona hokim sifatida qarshilashi kerak. Bu Hosilboyvachcha uchun xom xayol emas, tayyor pishirilgan osh edi. Suzib yesa, bas...

Biroq... pishgan oshni yeyish hammaga ham nasib etavermaydi. Hosilboyvachcha orzu bulutiga yonboshlab, rohatlanib suzib yurganida Asadbek qoʻngʻiroq qildi.
— Hosil...— Asadbek shunday deb sukut qildi. Gapini aytishga qiynaldi.
— Gapiring, akaxon,— dedi Hosilboyvachcha mehribonlik bilan.
— Senga tan berdim, gap yoʻq...— Asadbek shunday deb xoʻrsindi.

Hosilboyvachchaning yuzini shodlik yeli silab oʻtdi. Magʻlubni bir oz kalaka qilish maqsadida:
— Sizga ham qoyilman. Bunaqa tan berish faqat oʻgʻil bolaning qoʻlidan keladi,— dedi.

Asadbek uning bu lutfini javobsiz qoldirib, muddaoga koʻchdi:
— Hosil, menga videokassetaning asl nusxasini berasan.
— Gap yoʻq, akaxon.
— Anavi qanjiqni qaerga qochirding, uni ham berasan menga.
— Bunisi endi toʻgʻri kelmaydi. U qanjiq hali menga koʻp kerak boʻladi. Uning ishini uncha-muncha qanjiq eplolmaydi.
— Baribir topaman uni.
— Bir ukalik maslahatim — uni qidirmang. Men uni sizning oʻnta yigitingizga ham alishmayman. Siz kassetani olingu boshqasini unuting. Oʻzingiz kelasizmi, yo odam yuborasizmi?
— Bu ikkalamizning oramizdagi ish. Men borolmayman. Kasalman, bilasan. Eski shahardagi uyimda kutaman. Yolgʻiz oʻzing kel. Birga bir gaplashaman. Vinzavodga tegishli qogʻozlar bor, beraman. Agar yana boshqa da’volaring boʻlsa, aytasan, kelishamiz.
— Men oʻylab koʻraman, akaxon.
— Mayli, oʻyla. Kallali bolasan. Sen men qilgan xatolarni chetlab oʻtsang, uzoqqa borasan. Bugun soat beshda kel, bir oʻzim kutaman. Qoʻrqma, pistirma qoʻymayman. Mening oʻyinim hamma vaqt oʻgʻil bolacha boʻladi, bilasan-ku?

Hosilboyvachchaning koʻngli qandaydir noxushlikni sezdi, ammo gʻoliblik sururi bu sezgini boʻgʻdi. U Asadbekning taklifini koʻp mulohaza qilib oʻtirmadi. Jon taslim qilayotgan gʻanimning iltijoli koʻzlarini koʻrgisi keldi. Koʻkragiga oyoq qoʻyib, qah-qah otib kulishni istadi.

Soat toʻrt yarimda videokassetaning yana bir nusxasini olib Shomil bilan birga eski shahar sari yoʻl oldi. Shomilni oʻttiz-oʻttiz besh qadam berida, koʻcha muyulishida qoldirib oʻzi Asadbek hovlisiga kirdi.

2

Asadbek bolaligi oʻtgan hovliga peshinda keldi. U xastalik oqibatidami yo keyingi kunlarda koʻrgan-kechirganlari ta’siridami, ancha holsizlanib, ruhsizlanib qolgan edi. Mashinadan tushishda bir oz qiynaldi. Chuvrindi chaqqon turib uning qoʻltigʻiga kirdi. Kecha Chuvrindini yaqin yoʻlatmay, qaddini tutib olgan edi. Bugun qarshilik bildirmadi. Ular hovliga kirishgach Chuvrindining topshirigʻi bilan uyga qarab turgan yigit chiqdi. Asadbek issiq tanchaga oʻtirib rohatlandi. Chuvrindi uzatgan piyoladan bir hoʻplam qaynoq choy ichdi.
— Mahmud, men dushmanlarimdan oʻch olmay turib keta olmayman. Qasossiz ketsam, yotqizib koʻma olmaysan, goʻrimda tik turaman.
— Oʻsha odamlarni ayting, ezgʻilab tashlayman.
— Oʻz qoʻlim bilan oʻldirmasam, xumordan chiqmayman. Hozir otarchi keladi. Hosilni ham chaqirganman. Sen nima qilishingni bilib ol.

Asadbek Chuvrindiga rejasini tushuntirdi.

3

Elchin qaynotasining kutilmagan yoʻqlovidan ajablandi. Odam yubormay, shaxsan oʻzi qoʻngʻiroq qilganiga, eski shahardagi uyiga chaqirganiga, mashinani katta koʻchaga qoʻyib kelishni tayinlaganiga hayron boʻldi. Hatto bir oz xavotirlandi. Qaynotasining bir shumlikni oʻylab qoʻyganini sezdi. Unda mulohaza qilish uchun muhlat kam edi. Shu sababli aytilgan vaqtda yoʻlga otlandi.

Asadbek bu uyga kelganida albatta mashinada poyloqchi oʻtirguvchi edi. Katta yoʻl yoqasiga mashinasini qoʻygan Elchin asta yurib kelib, poyloqchi yoʻqligidan hayron boʻldi. Keyin «Asadbek kelmagandir», degan xayolda hovliga kirdi. Ichkaridagi chiroq yorugʻida yolgʻiz oʻtirgan Asadbekni koʻrdi.

Asadbek kuyovi kirganda oʻrnidan jilmadi. Oʻtirgan yerida qoʻl uzatib koʻrishdi. Elchin oʻtirayotganida yoʻtal tutib, ancha rohatsizlandi. Yoʻtal bosilgach, koʻz yoshini artib, bir oz sukut saqladi. Keyin Elchinga qattiq tikilib, soʻz boshladi:
— Men hayotimda koʻp xato qilmaganman. Eng katta xatoim nima, sen bilasanmi?

Qaynotasining dabdurustdan sensirashidan suhbat oqibatida koʻngilga xanjar boʻlib sanchilajagini sezdi. Sezgani uchun ham savolga javob qaytarmadi. «Qani, gapiravering», deganday boshini egib oʻtiraverdi.
— Eng katta xatoim — seni oʻldirmaganim. Sen qizimning hayotini barbod qilding. Men hotamtoylik qilib yubordim. Sen Shilimshiqni oʻldirding. Aslida u seni oʻldirishi kerak edi. Sen xotinni eplaydigan er emas ekansan. Zaynabni sen badnom qilding... Men senga hamma gapni aytmayman. Endi bir oʻgʻil bolalik qilasan, oʻch olasan!

Elchin bu gapni uncha tushunmadi. Boshini koʻtarib soʻramoqchi edi, Asadbek gapirtirmadi:
— Jim boʻl. Sen bugun aytganimni qilasan. Qolgan gaplarni keyin bilasan. Hozir aytadiganim bitta: erkak boʻlganingdan keyin erkakcha yasha. Chiroqni oʻchir.— Asadbek shunday deb soatiga qarab oldi. Elchin chiroqni oʻchirgach, oʻrnidan turib borib deraza yoniga oʻtirdi. Uy sovuq emas edi. Elchin uning qoʻlqop kiyib olganidan ajablandi.
— Derazani qiyalab och,— deb buyurdi Asadbek.
— Tashqari salqin-ku?
— Bir tabaqasini qiyalab och. Oʻzing panada oʻtir. tur deyishim bilan turasan. Aytgan ishimni tez bajarasan. Oʻylab oʻtirishga fursat boʻlmaydi.
— Nima qilmoqchisiz, bilishim mumkinmi?
— Men senga qasos olish qanaqa boʻlishni koʻrsataman. Hozir oʻlishi kerak boʻlgan odam sening ham, mening ham nomusimni bulgʻadi.

Asadbek shunday deb qoʻnjidan toʻpponcha chiqardi-da:
— Endi menga xalaqit berma,— deb qiya ochiq deraza osha koʻcha eshikni moʻljalga oldi.

Asadbek bolaligida, yangi yil kutadigan kuni shu eshik ochilishini, otasining kirib kelishini, soʻxtasi sovuq ikki kishini urib-urib haydab yuborishini kutgan edi. Bu ikki kishi otasini olib ketganidan keyin ham shu yoqqa koʻp tikildi. Uning uchun bu eshik hovli bilan koʻchani bogʻlaydigan bir vosita emas, balki umid qopqasi edi. Afsus shuki, oʻsha yillar bu umid eshigi ochilmadi...

Hozir ham tikilib oʻtiribdi. Hozirgi umidi boʻlak — qasos! Hozir ajal bir mal’unni haydab kelib unga roʻpara qiladi.

Nihoyat eshik ochildi. Hosil koʻrindi. U hech narsadan tap tortmay, hovliga qadam qoʻydi. Bir qadam... ikkinchisi... Uchinchisiga ulgurmadi.

Tepki bosildi.

Odam joniga tashna oʻq koʻkrakka qadaldi. Soʻng ikkinchisi... uchinchisi...

Hosilboyvachcha alanglashga ham ulgurmadi.

Magʻlub odamning iltijoli koʻzlarini koʻra olmadi.

Asadbek toʻpponchani Elchinga tutqazdi:
— Chiq tez, oʻlmadi shekilli, qoʻlim titradi. Tirik boʻlsa ot.
— Nimaga?
— Chiq deyapman! Zaynabni bulgʻadi bu, eshityapsanmi?! Erkakmisan oʻzing!

Elchin bu gapga ishonqiramay, toʻpponchaga qoʻl choʻzdi. Asadbek yana baqirgach, hovliga chiqdi. Hosilboyvachchaga yaqinlashdi. Lekin oʻq uzmadi. Tepkini bosishga hojat ham yoʻq edi. Shu zahoti eshik tepki zarbidan ochilib ostonada Shomil koʻrindi. Gʻilay yerda qonga belanib yotgan xoʻjasini, toʻpponcha ushlab turgan Elchinni koʻrdi-yu, oʻylab oʻtirmay unga oʻq uzdi. Elchin qarshilik qilishga ham ulgurmadi.

Shu nafasning oʻzida paydo boʻlgan Chuvrindi avval Shomilni otmoqchi boʻldi. Lekin Asadbekning topshirigʻini eslab, Gʻilayning orqa miyasiga toʻpponcha qoʻndogʻi bilan zarb bilan urdi. Gʻilay Shomil xoʻjasi yoniga behush yiqildi.

Asadbek uydan bitta-bitta bosib chiqib keldi. U endi bir necha soat ilgarigi holsiz xasta odam emas, qaddini magʻrur tutuvchi Asadbek edi...

«
Nihoyat... shaytanat olami voqealarining bayoni shu yerga kelganida, Yaratganga shukrlar aytgan holda ikkinchi kitobga nuqta qoʻyaman. Mazkur bayonni oʻqigan har bir kimsaga minnatdorlik bildirib, Ollohdan xonadonlaringizga fayzu barakot tilayman. Shaytanat daraxtining soyasi hech birimizning xonadonimizga soya tashlamagay. Omiyn va Robbil olamiyn.
»
III- qism
 
Keyingi