OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiShaytanat (III- kitob, I- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Kriminal belletristika
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm305KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/12/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shaytanat (III- kitob, I- qism)
Tohir Malik

Muallifdan

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

«
Va min-an-nasi man yujaadilu fillahi bigʻoyri ‘ilmin va yattabi’u kulla shaytonin mariidin. Kutiba alayhi annahu man tavallahu faannahu yudilluhu va yahdihi ila ‘azabi-s-sa’iyr.[1]
«Haj» surasidan
»


«
Vamtaazul yavma ayyuhal mujrimuun. Alam ‘ahad ilaykum yaa baniy adama alla ta’abudush shayton, innahu lakum aduvvum mubiyn. Va ani’buduni haza sirotum mustaqiym. Va laqod azolla minkum jibillan kasiyro. Afalam takunuu ta’aqilun. Hazihii jahan-namu-llati kuntum tu’aduun».[2]
«Yosin» surasidan Alouddin Mansur tarjimasi.
»


«
Shundan soʻng iblis Rasuli akram (s. a. v.) ga oʻz holatini anglata boshladi:
Ey Muhammad, biron kimsani zalolatga olib borish uchun qoʻlimda imkon yoʻq. Men faqat vasvasaga solaman, bir narsani chiroyli qilib koʻrsataman, xolos. Agar zalolatga olib borish uchun qoʻlimda imkoniyat boʻlsa edi, yer yuzida «la ilaha illallahu Muhammadur rasulillah» deydiganlarni, roʻza tutadiganlarni, namoz oʻqiydiganlarni holi qoʻymasdim. Barchasini zalolatga boshlardim. Sizning qoʻlingizda hidoyatga boshlash imkoniyati boʻlmaganiday, men ham zalolatga boshlay olmayman. Siz faqatgina Ollohning elchisisiz va tabligʻga (Islom dinini yoyishga) ma’mursiz. Agar hidoyatga boshlash qoʻlingizda boʻlsaydi, yer yuzida bitta ham kofir qolmas edi. Siz Ollohning yaratganlari uchun bir hujjatsiz. Men ham azaldan buzgʻunchilik, gunohkorlik yozilgan kishilarga bir sabab, vositaman.

Muhyiddin al-Arabiyning «Shajaratul-Kavn» kitobidan
»

I bob

1

Asadbek Hosilboyvachcha taqdirini hal etish rejasini tuzayotgan damlarda Kesakpolvon kutilmagan bir muammoni yechish bilan band edi. Musaffo osmonda ohista suzayotgan uchoq bulutlar toʻdasiga kirib asabiy titray boshlagani kabi, keyingi voqealar uni bir-ikki silkib qoʻygan, bu voqealarni boʻyiga mos farosati bilan qarichlab, shunga yarasha xulosa chiqarib yurganida Chuvrindining yigitlaridan biri kutilmagan masalaga roʻbaroʻ qildi.Shu paytgacha Chuvrindining yigitlari Kesakpolvonga, yoki aksincha, Kesakpolvonning zoʻrlari Chuvrindiga biron-bir masalada murojaat qilishmagan edi. Yozilmagan qonun asosida bunga haqlari yoʻqligini yaxshi bilishardi. Agar Kesakpolvon Chuvrindining yigitiga (yoki aksincha) bir yumush buyurguday boʻlsa ham, bu yigit vazifani ado etishga kirishishdan oldin oʻz hojasini albatta ogoh etardi.

Chuvrindi buyurgan ishni bajarmay Kesakpolvonga murojaat etish, aniqrogʻi, buyruqdan boʻyin tovlashni favqulodda holatlar sirasiga kiritish mumkin. Yana ajablanarli tomoni shundaki, shiltasi chiqadigan ishni Chuvrindi Kesakpolvon zimmasiga oshirishga urinardi. Shiltaroq ish rahm-shafqat degan tushuncha bilan murosa qila olmagani sababli Chuvrindida uygʻonib turguvchi bu tuygʻu pand berib qoʻyishi mumkin edi. Buni bilgani uchun ham Kesakpolvon Chuvrindining bu kichik hiylasidan ogʻrinmasdi. Qasamni buzgan tabibning oʻlimga hukm qilinishi Kesakpolvon uchun bir muammo boʻlsa, hukmni ijro etishni Chuvrindining oʻz zimmasiga olgani yana bir topishmoq edi.

Kesakpolvon bu yangilikni eshitgach, yigitga koʻzlarini loʻq qilganicha topishmoqqa javob izladi. Chuvrindining bu yigiti shaharda, balki butun mamlakatda koʻrinishi jihatidan yagona boʻlsa ehtimoldan holi emas. U oʻn-oʻn ikki yoshga qadar barcha qatori boʻyga oʻsgan-u, soʻng erinibmi yo yana oʻsish lozimligini unutibmi, bola gavdasida qolgan edi. Bu holdan bexabar kalla esa kattalashib boravergandi. Agar u bir oz harakatsiz tursa, qaysi noshud haykaltarosh yosh bolaga katta odamning xumday boshini oʻrnatib qoʻyibdi, deb oʻylash ham mumkin edi. Gavda bilan kallaning nomutanosibligiga botindagi shafqat va bemehrlik ziddiyati qoʻshib qaralsa, Mirodil degan ismning naqadar nooʻrin ekanini fahmlash mumkin. Dunyodagi bir qancha nooʻrinliklarni oʻzida mujassam etgan bu yigit Chuvrindining maxsus topshiriqlarini bajarar edi. Hamisha ikki-uch baquvvat yigitlar bilan birga yuruvchi Mirodil har qanday odamga tap tortmay tik borardi. Qisqagina gapirib, qoʻqqisdan naq kindikni moʻl mushtlardi. Unga bu zarbani birov oʻrgatganmi, yoki ikki qosh oʻrtasiga urush uchun boʻy kaltalik qilganidan kindikni moʻljallashga majburmi edi, aytish mushkul.

Harholda, uning toshday mushtidan tatib koʻrgan odam baraka topmasdi. Musht zarbi keragidan zaifroq boʻlgan taqdirda ham baquvvat yigitlarning tepkilari bu kamchilik oʻrnini toʻldirib qoʻyardi. Kesakpolvon Mirodilning nimalarga qodir ekanini oʻz koʻzi bilan koʻrmasa ham, koʻp eshitgan, bilardi. Bilgani uchun ham Chuvrindining topshirigʻi nechogʻli muhim ekanini anglab yetdi.

«Doʻxtirning gunohi nima ekan? — deb oʻyladi Kesakpolvon. — Bekka bir balo boʻldimi, sal narsaga «oʻldir» deb yuboryapti. Bunaqada shaharda tirik zot qoladimi? Balki doʻxtir oʻladigan odamdir, unda nima uchun mendan yashirdi? Mahmud nima qiliq qilib yuribdi? Yo bu Xumkallani menga roʻpara qilib bir hunar koʻrsatmoqchimi? Yo bunaqa ishlarni sen eplay olmaysan, deyishmoqchimi?..»

Xumkalla dardini aytishga aytib qoʻydi-yu, Kesakpolvonning oʻyga tolganini koʻrib, xavotiri uygʻona boshladi. Uning nazarida bu fikrlab oʻtiriladigan masala emas, «ha» yoki «yoʻq» deb qoʻyish bilan bitadigan osongina ish edi. Kesakpolvonning xayol sahrosida ilonlar kabi oʻrmalayotgan gumonlarini bu bechora qaydan bilsin?

Xumkalla tashvish jariga tomon qadam qoʻygan paytda Kesakpolvon tilga kirdi:
— Qanday gum qilishni oʻylab qoʻydingmi?
— Yoʻq hali...
— Senga ish topshirilgan edi?

Xumkalla uning oʻtkir nigohidan koʻzlarini olib qochdi.

Xumkalla Kesakpolvonga bir qarab olishga jur'at etdi.
— Gapir! Balodan qaytmaydigan bola eding-ku, nimaga ammamning buzogʻiga oʻxshab qolding?
— Aka, nima desangiz deng, men ishdan qochadigan bolamasman. Oʻrniga oʻzing oʻl, deng, oʻlmagan oʻgʻil bolamas.
— Namuncha, oʻv oʻgʻil bola? — dedi Kesakpolvon kesatiq ohangida. — Doʻxtir kim oʻzi, ammangning erimi yo kindigingni kesganmi? Yo...
— U... oyimlarga qaragan. Halol qaragan.
— Oying oʻlib ketgan shekilli?
— Ha... Lekin oʻsha doʻxtirni doim duo qilardilar.
— Oying duo qilgani uchun oʻldirishga qoʻling bormadimi? Shunaqa koʻngilchan oyimchaxon boʻlib qoluvdingmi? Xoʻsh, nima uchun gum qilish kerak ekan, bilasanmi?
— Yoʻq...
— Nima uchun Mahmudning oʻziga aytmading dardingni?
— Gaplarini darrov qaytara olmadim.
— Endi men dallollik qilayinmi?
— Sizdan maslahat soʻrab keldim.
— Men ham yoʻqot, desam-chi? Yo yigitlarimga aytsam-chi?
— U yomon odam emas, gunohi boʻlsa kechirish mumkinmasmi?
— Sen bola, menga aql oʻrgatma. Bor, joʻna, turqingni koʻrmay. Mahmudga borib ayt, «Men hezalak boʻlib qolganman», de.

Xumkalla qoʻlidagi umid chinnisini tushirib sindirgan nochor odam holida oʻgirilib bir-ikki qadam qoʻygan edi, Kesakpolvonning amri eshitildi:
— Toʻxta! Mayli, sazang oʻlmasin. Doʻxtirni Oqterakdagi joyga olib borasan. Bexit boʻlsin. Qani, gaplashib koʻray-chi.

Xumkalla ta’zim qilib, minnatdorchiligini izhor etgan boʻlsa-da, Kesakpolvonning birdan yumshab qolishi koʻnglida shubha uygʻotdi. Shu bois koʻchaga chiqqach, bir necha nafas harakatsiz turdi. «Bekor kelibman, — deb oʻyladi u. — Hech kimga aytmay qochirib yuborsam boʻlarkan. Bunaqa zoʻr doʻxtir Maskovga borsayam xor boʻlmaydi, nonini topib yeydi. Hali ham boʻlsa shunday qilsammikin? «Bordim, yoʻq ekan, topolmadim», desam-chi?» Xumkallaga oʻzining shu fikri ma’qul kelib, mashina tomon yurishdan avval odati boʻyicha atrofga alanglab oldi. Oʻzidan ikki qadam narida tirjayib turgan yigitga koʻzi tushgach, shashtidan qaytdi. «Bulardan endi qutulib boʻlmaydi. Hirotdan boʻlsa ham topishadi. Hozir izimga tushishadi. Endi qochirib boʻlmaydi. Ish atala boʻldi. Oqterakka olib boray-chi, harholda u yer odam oʻldiradigan joy emas...» Xumkalla aniq bir qarorga kelib, mashinasiga oʻtirdi.

2

Shaharning kunbotar tomonidagi etakdan boshlanuvchi Oqterak qishlogʻining choyxonasi kechayu kunduz ochiq boʻladi. Bu yerda istagan odam istagan paytda choyxoʻrlik, hamyon koʻtarsa oshxoʻrlik ham qilishi mumkin. Hovuz labidagi majnuntolning chilvir sochlari ostiga qoʻyilgan ikkita temir soʻri kun boʻyi qishloq qariyalari bilan band boʻladi. Tekin choy-nonga, ba’zan oshxoʻrlar himmati bilan uzatilib turuvchi oshga oʻrgangan qariyalar hojatxona yonidagi yoʻlak qaysi uyga olib borishini, u yerda qanday savdolar boʻlishini fahmlashsa ham, birovga churq etib ogʻiz ochishmaydi.

Kuzning sovuq nafasi sezilib qolgani uchunmi, soʻrilardan biri boʻsh, ikkinchisida esa besh qariya yonboshlab olib, mudrardi. Kesakpolvon ularga bir qaradi-yu, salom bermay, hojatxona ortidagi uycha tomon yurdi. Bu xona ham boshqalaridan aytarli farq qilmaydi. Jihozlariga ziraga toʻyingan oshning, yogʻ, aroq, sigaret tutunining hidi singib ketgan. Boshqa xonalar faqat kunduzi gavjum boʻlsa, bundagilar tunu kun uygʻoq, hamisha sergak. Oʻchoqboshidagi bir qozonda faqat shu xona egalari uchun ertayu kech turli taomlar qaynab turadi.

Bu yer Kesakpolvonning ta’biri bilan aytganda — «qozixona». Asadbek «Bu hunaringni tashla», deb buyurgan boʻlsa-da, u «tarki odat — amri mahol» deganday bilganidan qolmaydi. Kesakpolvon javobgarlarning moʻltillab qarashlarini, yigʻlashlarini, tavbalar qilib emaklashlarini tomosha qilishni yoqtiradi.

Kesakpolvonning oʻzigagina tobe boʻlgan bu «qozixona» gavjum edi. Qozilik vazifasini ado etayotgan yigit hojasi kirib kelishi bilan oʻrnidan bir qoʻzgʻoldi-yu, «davom etaver» degan ishorani koʻrib, joyida qotdi. Qosh-koʻzlari qop-qora, soqoli oʻziga yarashgan bu yigitni koʻchada koʻrgan odam taqvodor, imon egasi deb oʻylaydi. Bu koʻrinish, bu aldamchi soqol koʻpchilik fikrini chalgʻitadi. Ayniqsa, bu «qozi» boshiga oq hojidoʻppi kiyib olsami, bas, uning soʻzlarini da’vogarlar ham, javobgarlar ham shariat hukmi sifatida qabul qilaveradilar. Tili hali imon kalimasiga kelmagan, peshonasi hali sajdaga bormagan bu yigitni «qozi»likka Kesakpolvonning oʻzi tayin etgan, Halimjonni sinab berishni ham aynan shunga topshirgan edi.

Kesakpolvonning moʻljalicha Xumkalla tabibni bu yerga yarim soatdan keyin boshlab kelishi mumkin edi. Shu bois ishning «beliga tepmay», yakunlanishini kuzatmoqchi boʻldi. «Qozi»ga yaqin oʻtirgan, kiyimlari yirtilib, qovogʻi koʻkargan yigitga qarab, «aybdor» shu ekanini fahmladi. Turli yoshlardagi toʻrt kishining tashqi koʻrinishlaridan musofir ekanliklarini anglamoq mumkin edi. Da’vogarlarning yoshi ulugʻrogʻi eshikdan kirib kelgan koʻrimsiz gavdali, eti ustixoniga yopishgan, qaldirgʻoch moʻylovli Kesakpolvonga bir qarab oldi-yu, «e’tibor berishga arzigulik odam emasga oʻxshaydi», debmi yana «qozi»ga oʻgirilib, gapini davom ettirdi:
— Yoshulli, bu mangʻlayi qora pulimizni, poezd pattasining haqini ham toʻlashi kerak. Siz undirib bering, yoshulli, biz sizni injitmaymiz.
— Bekorlarni aytibsiz, bir tiyin ham bermayman, — dedi qovogʻi koʻkargan yigit, oʻjarlik bilan.
— Bermasang, teringni shilib olaman, mangʻlayi qora! — deb baqirdi da’vogar.

«Qozi» ularni tinchitish uchun stolni mushtladi:
— Ovozlaringni oʻchir! Men soʻrayman, sen esa javob berasan, — deb javobgarga qaradi: — Demak, dispetcherning xonasida choy ichib chiqdingmi?
— Ha, aytdim-ku?
— Javob ber, mahmadanalik qilma.

Bu savolga yaqinginada javob qaytargan yigit Kesakpolvon uchun soʻroq atayin takrorlanayotganini fahmlamadi. Aksincha, qayta soʻroq zamirida bir shumlik yotibdimikin, deb xavotirlanib, dovdiragan holda javob berdi:
— Tramvayim chet yoʻlda turuvdi. Qarasam, eshiklari ochilib qolibdi. Bular bemalol joylashib oʻtirishibdi. Bir kishi «Shu qarindoshlarimni vokzalga olib borib qoʻyasan, rozi qilishadi», dedi.
— U bizarning qarindosh emas, uni tanimaymiz. U sening hamtovogʻing, — dedi da’vogar. — Unga yoʻlkirani naqd sanab berdik. U «Tramvaychi oshnam, bir ogʻiz aytsam, oʻn besh minutda biron yerda toʻxtatmay gʻir etib eltib tashlaydi», dedi.

Bu gapni eshitib, javobgar hazin jilmaydi:
— Esi joyidami bularning. Tramvayni toʻxtatmay haydab boʻlarkanmi? Oldindagi tramvaylarning tepasidan uchib oʻtamanmi?
— Chalgʻima, boʻladigan naqd gapni gapir, — dedi «qozi».
— Ishim oxirlab qoluvdi. Pul bersa teshib chiqmaydi, olib borib qoʻya qolay devdim. Qayrilishga yetganda toʻxtab, pulni berib qoʻyinglar, dedim. Bunaqalar tramvayga chiqqanida mard, manziliga yetganida tirriqlik qilishadi. Oʻylaganimday boʻldi: pulni sherigingga berdik, deb gʻirromlik qilishdi. «Mening hech qanaqa sherigim yoʻq», desam ham ishonishmadi. «Agar pulni bermasalaring boshqa yoqqa qarab burvoraman», desam ham koʻnishmaganidan keyin tramvayni shartta parkka qarab haydadim. Keyin meni doʻpposlab qolishdi. Meni deb poezdlariga kechikishganmish.
— Yoshulli, siz buni emas, meni tinglang! Bu mangʻlayi qoraning sherigi bor. Bizar poezdning pattasiga kuydiqmi, bu birmi? Bizar bozordan qoldiqmi, bu ikkimi? Ana shuning jarimasini toʻlasin.

«Qozi» oʻz ishiga puxta boʻlsa-da, hojasining martabasini izzat qilib «siz buyuring», deganday qaradi. Kesakpolvon uning savol nazarini e’tiborsiz qoldirmay da’vogarni soʻroqqa tutdi:
— Sherigiga qancha pul beruvdilaring?
— Oʻn soʻm soʻrovdi, ammo uchga rizo boʻlib edi, — dedi da’vogar unga oʻgirilib.

«Bu qanaqa goʻl odam oʻzi, — deb oʻyladi Kesakpolvon. — Shoshib turgan odam ham tramvayni kira qiladimi?»
— Bu xom ish, — dedi Kesakpolvon masalaga yakun yasab. — Pulni kimga bergan boʻlsalaring, oʻshani topib kellaring.
— Yoshulli, siz haqiqat qilmadingiz, — da’vogar oʻrnidan turib, qoʻlini paxsa qildi: — Biz bularni tanimasak. Shaharni bilmasak...
— Oʻtir, — dedi Kesakpolvon, unga oʻqrayib. — Sen menga qoʻlingni paxsa qilma! Onangning uyimas bu. Necha kishilashib urdilaring buni?
— Bizmi?.. Bir-ikki turtdik-da.
— Oʻzing ayt, necha kishi urdi seni?
— Yettita edi.
— Bekordan-bekor urganlaring uchun har bir kishi boʻyniga ikki yuzdan, ja’mi bir ming toʻrt yuz berasanlar.
— Biz beramizmi? — dedi da’vogar ajablanib.
— Oldin milisaga ham borishgan, — dedi «qozi» masalaga aniqlik kiritib. — Guvohlar ham bor...
— E, hali shunaqami? Unda hisobga toʻgʻri qilib, ikki mingni sanab berishsin-u, qoralarini oʻchirishsin. Boshqa gap yoʻq!
— Yoshulli, sizlar adolat qilasizlar, deb eshitgan edik?
— Bu adolat boʻlmay nima?
— Biz toʻlamaymiz. Milisaga arz qilamiz.
— Milisaga borib ovora boʻlmaysan. Milisaning oʻzi oʻligingni olib ketadi, — dedi «qozi» sovuq ohangda. Javobgarning dovdiraganini koʻrib qoʻshib qoʻydi: — Uch-toʻrt kundan keyin zovur yoqasida quloq-burunlaringni itlar gʻajib ketganidan keyin topishadi.

Bu gapni eshitgach da’vogarlar bir-birlariga moʻltillab qarab qolishdi. Nazarlarida ularning quloq-burunlarini hozirning oʻzida itlar gʻajib tashlaganday boʻlib, etlari seskandi.
— Yoshulli, adolat qiling, — dedi shu paytgacha gapga aralashmayotganlardan biri. — Durust, biz milisaga bormasmiz, bu agʻajonga ham da’voyimiz yoʻqtur. Ijozat eting, yurtimizga ketaylik.
— Bu yerda hukm bitta boʻladi. Sening da’voying boʻlmasa, buniki bor. Pulni toʻlaysan, tamom! — dedi «qozi».

Kirasolib ishni buzgan qaldirgʻoch moʻylovli bu kishidan najot tilab moʻltillab qaradilar.
— Bizning buncha pulimiz yoʻq, — dedi hozirginada qoʻlini paxsa qilib gapirgan da’vogar.
— Puling boʻlmasa moling bor. Shaharda qarindoshlaring bor, oshna-ogʻaynilaring bor, — dedi Kesakpolvon. — Sen bir soatda pulni olib kelasan. Sheriklaring shu yerda oʻtiradi.
— Lyuks xonamiz bor, — dedi «qozi», — bir soatda kelmasang, har soatiga yana mingdan qoʻshiladi. Soat oʻn ikkigacha yetib kelmasang, sheriklaringdan umidingni uz. Oʻzingni ertalab oʻzimiz qidirib topamiz.

Bu gapdan keyin da’vogarlar oʻrinlaridan turib qochishga shaylanishgan edi, orqada turgan yigitlardan bittadan musht yeb, masala uzil-kesil hal boʻlganini angladilar. Da’vogarlarning uchtasi tashqaridagi hujraga qamalib, bittasi pul topib kelgani ketgach, Kesakpolvon «qozi»ga qarab:
— Buning haqini berib yubor, — dedi.

«Qozi» choʻntagidan pul chiqarib sanadi-da, javobgar yigitga uzatdi:
— Omading chopib qoldi, ma, ol, — dedi himmat qilib.
— Kerakmas, pul kerakmas, shulardan qutqarganlaringiz uchun rahmat sizlarga, — dedi yigit puldan koʻzlarini olmay.
— Sening haqing bizga ham kerakmas, — dedi Kesakpolvon. — Olaver, ust-boshingni tuzat. Yigit boʻlsang, bundan keyin uch soʻmga past ketma.

Hozirgina bir baloga mubtalo boʻlishdan qoʻrqib oʻtirgan yigit ishonqiramagan holda bir pulga, bir «qozi» ga qarab, qoʻlini choʻzdi.
— Hech kimga aytmayman, — dedi minnatdor ohangda.

Bu gapdan «qozi»ning ensasi qotdi.
— Xohlasang radioda gapirmaysanmi! Bor joʻna, qip-qizil toʻnka ekansan-ku?!

Yigit qayta-qayta rahmat aytganicha shoshilib chiqib ketdi.
— Qoʻyib berganingizda bu toʻnkaning yelkasiga ham bir-ikki soʻm ilardim, — dedi «qozi».
— Buning nimasiga ilasan, uch tiyinlik patta sotib kun koʻradigan bola boʻlsa. Puli yoʻqligidan uch soʻmni talashib kaltak yeb yuribdi-da. Anavi goʻllarni jazolash kerak. Ikkinchi lallayib yurmaydigan boʻlishadi. Sen endi yigitlaringni olib tashqarida kut. Bir odam keladi. Hushyor boʻllaring. Yakkama-yakka gaplashishim kerak.
— Dasturxonni yangilaymi?
— Ha. Sal odambashara qilib qoʻy. Oʻtirgan joylaring molxonaga oʻxshaydi. Odammisanlar yo molmisanlar?!

Keyingi gapini xuddi Asadbekka oʻxshab aytdi. Tartibni yaxshi koʻradigan Asadbek duch kelgan joylarda oʻtiravermasdi. Biron-bir choyxonaga borguday boʻlsa ham irkit koʻrpachalar, yogʻ tomgan sholchayu dasturxonni koʻrgach, bir zum qarab turardi-da, soʻng indamay iziga qaytardi. Kesakpolvonga esa farqi yoʻq edi. Charchagan boʻlsa, irkit koʻrpachaga ham yonboshlab olaverardi. Uning hozirgi tanbehi qozi uchun yangilik boʻlsa-da, «nozikroq odam keladi shekilli», deb oʻylab, ijroda ikkilanmadi. Bir zumda dasturxon almashtirildi. Patir nonlar, meva-cheva... shunga yarasha ichimlik bilan bezaldi. Xuddi shuni poylab turganday ostonada avval Xumkalla, soʻng koʻzlarida hayrat va xavotir zohir boʻlgan tabib koʻrindi.

Xumkalla tabibni «bir ogʻir kasal bor, koʻrib qoʻying», degan iltimos bilan boshlab kelgan edi. Mashina choyxona hovlisiga kirib toʻxtagach, tabib unga ajablanib qaradi.
— Orqadan yaqin yoʻl bor, u yoqqa moshina oʻtolmaydi,— dedi Xumkalla uning savol nazariga javoban.

Tabib bir nimani sezdi-yu, ammo qaytishga istihola qilib, ergashdi.

Tabib Xumkallani tanirdi, ammo nima ish bilan shugʻullanishini bilmasdi. Agar birov unga «Shu xumkalla Asadbekning odamlaridan» desa, ishonmay kulgan boʻlardi. Lekin uning ustidagi kiyim, tagidagi mashina bu odamning anoyilardan emasligini bildirib turardi. Tabib uni kasalxonada bir necha bor koʻrgan, ammo aytarli e’tibor bermagan edi. Onasini olib ketgach, ikki-uch oy koʻrinmadi. Keyin kutilmaganda paydo boʻlib, tuguncha uzatdi-da:
— Oyim sizga atagan ekanlar, — dedi.
— Oyingiz... tuzukmilar? — dedi tabib.
— Oʻldilar. Oxirgi kuni ham sizni duo qildilar.
— Kasalni sal oʻtkazib yuborgan ekansizlar, — dedi tabib oʻzini oqlash maqsadida.
— Oyim «Xudoning xohishi shu», dedilar...

Tugunchada bir joynamoz, koʻylak, ozgina pul bor edi...

Shundan keyin ham Xumkalla ikki-uch kelib xastalangan tanishlarinikiga olib bordi. Shu bois ham uning bugungi tashrifi tabibda hech qanday shubha uygʻotmagan edi.

Hojatxona yonidan oʻtayotganida shu tomonga tikilib turgan yigitlarga koʻzi tushib, xavotiri uygʻondi. Ostona hatlab ichkari kirishi bilan roʻparada oʻtirgan qaldirgʻoch moʻylovli odam «keling, doʻxtir!» deb qoʻygach, shu yerda bir balo boʻlishini fahmlab, oyogʻida qaltiroq turdi. «Kim bu oʻzi? — deb oʻyladi u. — Bittasi «Hech kimga aytmaysan», deb qasam ichirdi. Gʻilayi kelib «jon kerakmi, qasam kerakmi?» deb kekirdagimni sugʻurib olay dedi. Bunisi qaysi tomon?»
— Oʻtiring, doʻxtur, — dedi Kesakpolvon, — kasal koʻraverib ezilib ketgandirsiz. Sogʻ odamlar bilan ham bi-ir otamlashing, — Kesakpolvon shunday deb Xumkallaga qarab qoʻygan edi, u asta iziga qaytib, eshikni zichlab yopdi. Tabib oʻtirishi bilan Kesakpolvon qoʻliga piyolani oldi-da:
— Oqidanmi yo qizilidanmi? — deb soʻradi.
— Rahmat, men ichmayman, — dedi tabib.
— Nima balo, soʻfimisiz? Doʻxtir zotining ichmaydigani boʻlmaydi, — u shunday deb piyolalarga konyak quydi. — Qoʻrqmang, men sizni oʻldirish maqsadida chaqirmadim.
— Qoʻrqayotganim yoʻq... — deb gap boshladi tabib. Ammo Kesakpolvon uni gapirtirmadi.
— Qani, olaylik, oldirmaylik. Yigit oʻlmaylik, balo koʻrmaylik.

Kosagul piyolani bir koʻtarishda boʻshatib, tamshanib qoʻygach, gapni chuvalashtirmay ichavergani ma’qul ekanini fahmlab, piyolani qoʻliga oldi. U ichib boʻlgunicha Kesakpolvon kutib turdi, soʻng yana quydi-da:
— Juft boʻlsin, — deb izoh berdi.

Juftdan soʻng toq, keyin yana bir karra juft boʻlib, tabibning yuzlariga qizillik yugurgach, Kesakpolvon muddaoga oʻta boshladi:
— Ochigʻini aytsam, doʻxtir zotiga tobim yoʻq. Oʻn yilmi yo oʻn besh yilmi oldin biqinim ogʻrib doʻxtirxonaga boruvdim. Bittasi ikkinchisiga roʻpara qildi, unisi oʻninchisiga yubordi, xullas, otning kallasidek qogʻozga kasallarimni yozib berishdi. Yetti-sakkiz xil kasalim bor ekan. Vey, tomi ketganlar, shuncha kasal oʻlikda ham boʻlmaydi, dedim. Bergan dorilarining bittasini ham ichmadim. Mana, yuribman, oʻlmay.
— Endi doʻxtir tekshirib koʻrib, borini yozadi-da.
— He... yozsa yozib boʻksin. Siz... meni taniysizmi?
— Yoʻq.
— Xumkalla... kimligimni aytmadimi?
— Bir kasalni koʻrib qoʻying, devdi.
— Ha... oʻsha kasal — menman.
— Siz?
— Ha, men. Mening bitta kasalim bor. Kim mendan sir yashirsa, oʻshanga qiziqaveraman. Bilib olmagunimcha qoʻymayman. Xoʻp, meni tanimasangiz Asadbek degan odamni eshitganmisiz?
— Eshitganman, — tabib shunday deb Kesakpolvonning oʻtkir nigohiga dosh berolmay koʻzlarini olib qochdi.
— Eshitganmisiz yo taniysizmi?
— Taniyman.
— U-chi? U ham sizni taniydimi?
— Bilmadim. Tanisalar kerak.
— Tanisalar kerak?.. Hm... men ham tanisa kerak, deb oʻylovdim. Mahmud-chi, uni ham taniysizmi yo eshitganmisiz?
— Nima uchun soʻrayapsiz?
— Hozir aytdim-ku, shunaqa kasalim bor, deb. Agar toʻgʻrisini aytmasangiz kasalim qoʻzib, tutqanogʻim tutib qolsa, chatoq. Javob bering!
— Taniyman.
— Qanaqasiga taniysiz? Kim tanishtirgan?
— Koʻrib qoʻyganman.
— Kimni? Mahmudning onasinimi?
— Yoʻq. Onasini tanimayman.
— Kimni koʻrgansiz? — Kesakpolvon endi tahdid ohangiga oʻtdi. Bu ohang tabibga tutqanoqning boshlanishiday tuyulib, bir seskandi.
— Kimni deyapman?
— Aytolmayman... Qasam ichganman.
— Menga aytishing mumkin, — Kesakpolvonning sensirashga oʻtishi oʻzi aytgan tutqanoqning boshlanishidan darak edi. Tabib bu ham gʻilayga oʻxshab kekirdagimga chang solmasin, deb qoʻrqib, aybdorlarcha sekin dedi:
— Asadbek akamni...
— Asadnimi? Uni nimaga koʻrasan? Kasalmi?
— Aytolmayman... qasam...
— Qasam-pasamingni qoʻy. Men Asadning eng yaqin oshnasiman, men bilishim kerak. Gap ikkalamizning oramizda qoladi.
— Bittasi ham shunaqa devdi, aytib qoʻyibdi.
— Kim?
— Tanimayman... gavdali bir gʻilay odam.
— Shomilmi?
— Otini bilmayman. Kelasolib tomogʻimdan boʻgʻdi. «Asadbekning kasalini aytasan», deb turib oldi. «Aytmasang oʻlasan», dedi.

«Ha, bu — Shomil, — degan qarorga keldi Kesakpolvon. — Bu xunasa qaerdan is oldi? Asadbekning kasali bilan nega qiziqdi?»
— Aytdingmi?
— Ha.
— Qasamni buzgan boʻlsang... oʻlishing kerak.
— Aybim nima?
— Gʻilayga nima deding?
— Kasalini aytdim.
— Qanaqa kasal? Shamollaganmi?
— Yoʻq... kasallari juda jiddiy... rak. Oʻpkalarida.
— Nima?! — Kesakpolvon sapchib turib, stol atrofini aylanib oʻtdi-da, tabibga yaqinlashgach, yoqasiga chang solib bir-ikki silkidi: — Nima deyapsan, xunasa! Yoʻtalsa rak boʻlaveradimi?!
— Tekshirdim. Krasnoyarda ham qaratishgan ekan.

Krasnoyarni eshitib, tabibni qoʻyib yubordi. «Otamni ziyorat qilaman», deb ketuvdi, doʻxtirga tekshirtirgani borgan ekan-da?» deb oʻyladi. Joyiga qaytib borishga madori yetmayotganday tabibning yoniga oʻtirdi. «Asadga nima boʻldi? Nima uchun dardini mendan yashirdi? Nima uchun bu sirni Mahmud bilishi mumkin-u, men bexabar qolishim kerak? Doʻxtirni sir ochilmasin, deb oʻldirishmoqchi boʻlishdimi? Yo Gʻilayga aytib qoʻygani uchunmi? Gʻilay bildimi, demak, Hosil gʻimirlab qolgan. «Rak boʻlsa, erta-indin oʻladi», degan. Hosilning-ku, muddaosi aniq. Mahmud-chi? Mendan koʻrgan yaxshiliklariga javobi shumi? Chuvrindi degani chuvrindiligicha qolarkan-da, a? Asadning oʻrniga ishtaha saqlayaptimi? Menga xoʻjayin boʻlmoqchimi?.. Yebsan!»

Kesakpolvon keyingi soʻzni beixtiyor ovoz chiqarib aytdi. Tabib uning nima deganini anglamadi:
— Gapingizga tushunmadim?

Kesakpolvon chalgʻigan xayolini bir yerga jamlab, tabibga qaradi:
— Balki adashayotgandirsan? Krasnoyardagilar ham yanglishishgandir?
— Boʻlishi mumkin...
— Boʻlishi mumkin? Unda nima uchun vahima qilasan?
— Shunga asos bor-da. Uzil-kesil xulosa chiqarish uchun kasalxonada yotishlari kerak. Oʻpkadan suv olsak, keyin aniq boʻladi.
— Nimasi aniq boʻladi?
— Agar suv toza chiqsa, boshqa gap, qonli, yiringli boʻlsa, unda... chorasi qiyin...
— Nega yotqizmading?
— Koʻnmadilar.

«Ovoza boʻlishdan qoʻrqqandir», deb oʻyladi Kesakpolvon.
— Shu sohadagi doʻxtirlarning zoʻri senmisan?
— Mendan zoʻrroqlari ham bordir... lekin... xafa boʻlmang-u... hozir chorasi yoʻq, ular ham hech nima qilisholmaydi.
— Qoʻllaringdan hech balo kelmasa, nima qilib yuribsanlar doʻxtirman, deb kerili-ib? Birovning erta-indin oʻlishini aytish uchun ham doʻxtir boʻlish kerakmi? E, xunasai davronlar! — Kesakpolvon xumoridan chiqqunicha soʻkindi. Tabib xalq ogʻzaki ijodini oʻrganayotgan olimday boshini egib, sukut saqlaganicha toqat bilan tingladi.
— Xoʻp, — dedi Kesakpolvon sal hovuridan tushgach,— doʻxtirlaring eplolmabdi, yangi chiqqan ekstrasenslar-chi?

Tabib bosh chayqadi:
— Ular loʻttiboz-ku!
— Tuzatishayotganmish-ku? Odamlari bormish-ku?
— Men u loʻttibozlarga ishonmayman. Asablari zaif odamlarni laqillatishadi.
— Tuzatish oʻzingning qoʻlingdan kelmaydi, loʻttibozlarga ishonmaysan. Bir odam shunaqa boʻlib oʻlib ketaveradimi? Bilib qoʻy, Asad oʻlsa, sen yarim kun ham yashamaysan!
— Nimaga axir... men...
— Lattachaynarlik qilma. Bu hukmni men chiqarmaganman. Bekor ham qilolmayman. Joningni saqlashning yoʻli bitta — Asadni tuzatasan.
— Yotishlari kerak. Nur berib koʻrish kerak. Dori-darmonlarni aytganman.

Kesakpolvon «Asadni tuzatasan» deb buyurishga buyurdi-yu, «Bu endi unga qanday roʻpara boʻladi, oʻlishi kerak-ku?» deb oʻyladi.
— Sen tuzatolmaysan. Doʻxtirning zoʻrini top, — deb buyrugʻiga oʻzgartish kiritdi.

Tabib oʻylanib turib, uch kishining ismini aytdi. Kesakpolvon ularni birma-bir surishtirayotganida ikkilangan holda yana bir ismni tilga oldi.
— Kim u? — deb soʻradi Kesakpolvon.
— U doʻxtirmas, keksa bir tabib. Chorasiz kasallarni ham tuzatar emish. Lekin... hammani ham qabul qilavermas ekan. Hushiga kelmagan odamni yaqinlashtirmas emish. Men uni koʻrmaganman. Eshitganman. Balki oʻsha...
— Tabib dedingmi? Ha, ana endi oʻzingga kelding. Doʻxtiringdan shu tuzuk. Senlar oʻlikning qornini yorib, keyin kasalini aytasanlar. Tabib tomir ushlab turib biladi. Shuni topamiz. Sen esa... Hayronman, seni nima qilsam ekan... Sen qasamni buzgansan. Ochigʻini aytayinmi — joning Xumkallaning qoʻlida. U seni hurmat qilarkan. Joningni saqlab qolmoqchi. Mayli, men roziman. Sen esa oʻlmay desang, uning chizgan chizigʻidan chiqmaysan. Yot desa — yotasan, tur desa — turasan. Odam zotining koʻziga koʻrinmaysan, tuxum bosib yotasan, tushundingmi? Biz chiqaradigan hukm bilan hazillashma. Endi boraver. Xumkallaga ayt, kirsin.

Tabib Asadbekni tekshirib, kasalining rak ekanini aytganida Mahmud «Bu sirni birov bilsa — oʻlasan» deb ogohlantirgan edi. Tabib buni oʻsha onda shunchaki bir poʻpisa sifatida qabul qilgan edi. Qasami ham astoydil emas, ularning koʻnglini tinchitish uchungina edi.

Bu omi banda islom farzandi uchun bunday qasam ichmoq durust emasligini bilsa edi, tiliga ehtiyot boʻlarmi edi. U qasamini unutayozgan ham edi. Gʻilay kelib hiqildogʻidan olganda oʻt bilan oʻynashayotganni fahmladi. Hozir Kesakpolvonning gaplarini eshitib, boshi uzra qanday abri balo toʻplanib qolganini idrok etdi. Choʻchqaning ozgʻini, negrning mallasi boʻlmaganidek, bu toifa odamlarning mehr-shafqati yoʻqligini shu paytga qadar bilmas edi. Tabib bu yerdan eson-omon, ayni choqda joni omonat holda chiqib ketajagini anglab oʻrnidan turdi. Holdan ketib, titrayotgan oyoqlarining oʻziga boʻysunishi qiyin boʻldi. Uch-toʻrt qadam yurmay, Kesakpolvonning ovozini eshitib, toʻxtadi.
— Agar... hech chorasi topilmasa... qancha yashaydi?
— Aniq aytolmayman... uzogʻi bilan besh oyga borar. Yana Xudo biladi. Agar qaralmasa, tezlashib ketishi ham mumkin.
— Agar yana birov surishtirib qolsa, rak emas, deysan. Hiqildogʻingdan olsa ham, «besh-olti yil yashaydi», deysan. Tushundingmi, endi bor, joʻna!

Tabib chiqqach, Xumkalla kirib keldi.
— Seni qarzdor qilib qoʻydim, — dedi Kesakpolvon unga tikilib. — Boʻyningga ikkita jon ilindi.
— Rahmat akaxon... lekin... sal tushunmadim?
— Tushunish uchun kalla kerak. Doʻxtirni oʻldirmaylik, dedingmi? Bu bitta jonmi? Endi buning yoniga oʻzingnikini qoʻsh. Sen xoʻjayiningni sotding, aytgan ishini bajarmading. Mahmudga aytsam, doʻxtiring bilan bitta goʻrda achomlashib yotarmiding?
— Rahmat akaxon, endi tushundim. Yaxshiligingizni unutsam, til tortmay oʻlay.
— Toʻxta, oʻlmay tur. Avval qarzingni uz. Sen menga Mahmudning har bir aytgan soʻzini yetkazasan. Har bir bosgan qadamini kuzatasan. Bildingmi?
— Bildim, akaxon.
— Doʻxtirni nima qilasan?
— Ishidan javob olsa...
— Xoʻjayining juda aqlli-ku, senga oʻrgatmaganmi? Kalla bormi, oʻzi? Senga uni oʻldir, debmidi? Ishxonasidan ruxsat olib, keyin oʻldirasanmi? He, ahmoq! Hozirning oʻzida uni pana joyga yashir. Ishxonasi ham, bola-chaqasi ham bilmasin. Yoʻqoldi, deb qidiraverishsin. Bir oymi, bir yilmi, qancha kerak boʻlsa, shuncha oʻtiradi. Xohlamasa, yuraversin, sen boʻlmasang, boshqalar oʻldirishadi. Orqasidan oʻzing ham joʻnaysan. Xoʻjayiningga «Oʻldirib, suvga tashladim», deysan. Men bilan bexit uchrashib turasan.

Xumkalla ishning oʻzi oʻylagandek yakunlanganidan quvonib, bir irshaydi-da, yangi hojasiga qulluq qildi.

3

Xumkallaning «oson qutuldim», deb quvonishi bejiz emas edi. U oʻz hojasining ayrim aybdorlar gunohini kechib yuborganini eshitgan, ammo «Kesakpolvon falonchiga marhamat qilibdi», deb qulogʻiga chalinmagan. Xumkalla aniq biladi: yangi, pinhoniy hojasi shunchaki poʻpisa qilmadi — xohlasa, tabibga qoʻshib oʻldirtirib yuborishi hech gap emas. Xumkalla faqat bir narsani ajrim qila olmadi: u-ku, oʻz hojasiga xoinlik qilish evaziga jonini saqlaydi. Tabib-chi? Tabibga nima sababdan marhamat qildi? Nahot tabib uning birgina iltimosi bilan tirik qolgan boʻlsa? Bu nodon bandaning ojiz oʻyiga kelgan fikrni qarang: oʻziga bino qoʻygan Kesakpolvon beoʻxshov bir maxluq sifatida koʻruvchi shu odamchaning iltimosini inobatga olarkanmi?..

Kesakpolvon tabibdan «zoʻr doʻxtirlar»ning nomini soʻrab olgan boʻlsa-da, ularga murojaat qilish niyati yoʻq edi. Chunki u boshqa tabib jalb etilsa yana bitta guvoh koʻpayishini, shaharga ovoza tarqalishini biladi. Kesakpolvon «kerak boʻlib qolsa shu tabibning oʻzini ishga solaveraman», degan maqsadda unga iltifot koʻrsatgan edi.

Hozirgi fikri oʻziga-da ma’qul kelgan Kesakpolvon bir necha nafas huzur qildi. Soʻng nimadir yuragini siqib kela boshladi. Omburning ikki jagʻi kabi siqayotgan oʻsha «nimadir»ning bir tomoni gumon, ikkinchisi xavotir edi. Gumoni — Chuvrindi, xavotiri— Asadbek. Qaysi masalada boʻlsin, Asadbek Chuvrindining maslahatiga quloq tutsa, Kesakpolvon gʻashlanardi. Bu gʻashlikni ba’zan hasad libosiga oʻrab, koʻnglining qorongʻu burchagiga toʻplardi.

Koʻngilning bu qora burchagi yillar davomida lim-lim toʻlgan, endi vulqon kabi otilishga yetilib qolgan edi. Xumkallaning tashrifi vulqon otilishi fursatining yaqin kelganidan bir darak boʻldi.

«Mamlakati» bu qadar qudrat kasb etmagan damlarda, tetapoya chogʻlarida, militsiyaning bir chertishida kunpayakun boʻlishi mumkin paytlarda, dudamaning oʻtkir tigʻi ustida yashagan kezlarida Asadbek Kesakpolvonning maslahatlariga quloq solardi. Agar Kesakpolvon ahmoq boʻlsa, bema’ni maslahatlar bersa bu «mamlakat» qaddini rostlab olarmidi? Bu Chuvrindiga qachon aql bita qoldi? Kesakpolvonni nari surib, dono vazir martabasiga qachon oʻtirib oldi?

Har bir gunohkor banda kabi Kesakpolvon ham oʻz aqlu farosatiga behad yuqori baho beradi. «Asadbek mening maslahatlarimsiz xoru zor boʻlardi» deb ham oʻylaydi. Lekin bergan maslahatlarining yuzdan toʻqsoni (balki koʻprogʻi) Asadbekning qulogʻiga kirmagani, Asadbek bu «mamlakat» poydevorini oʻz aqli bilan bunyod etganini tan olgisi kelmaydi.

Avvallari abri nayson singari laxtak-laxtak suzib yurgan bulutlar endi birlashib, vahimali qora tusga belangan, hademay jala quyishi, sel kelishi kutilmoqda edi. Osmon bulutlari rahmat yomgʻirlarini yogʻdirgan chogʻda, Kesakpolvonda mavjud alam bulutlari olovli qahr yomgʻirini yogʻdirishga shaylanmoqda edi.

Kesakpolvon bir qism gʻashliklarini koʻnglining qora burchagiga yashirsa, bir qismini ajdaho oʻt purkaganday sochib turardi. Uning bu holati Asadbek uchun kinodagi ajdaho kabi edi: bu ajdaho olovini «hadeb jirillayverma» deb birpasda oʻchirib qoʻya qolardi.

Ertakdagi uch ogʻa-ini kabi ular uch yoʻl qarshisiga kelib qolgan edilar. Asadbek borsa-kelmas yoʻliga roʻpara kelib turibdi. Ma’murlik yoʻli tor, unga bir kishigina sigʻadi. Chuvrindi otni qamchilab shu yoʻlni egallamoqchimi?zahring menga oʻtmaydi, bola! Asadni Asadbek qilgan sen emas, men boʻlaman. Kecha kavushingni sudrab, poezdga osilib kelib, bugun taxtga oʻtirmoqchimisan? Taxt ancha balandda, bola, chiqaman, deb choting yirilib ketadi-ya!.. Asad... bekman, deb kerilasan-u, ammo gʻirt ahmoqsan. Qimorni tashlagan paytlaringda seni kim boquvdi?

Oʻn soʻm oʻmarsam, yettisi seniki edi. Sen ye-eb yotarding. Men esa sal narsaga qamalib ketishim mumkin edi. Endi mendan nimani yashirasan? Kasalingni bilsam, tirikligingcha koʻmib kelarmidim?.. Ishongan bolang ajalingdan oldinroq oʻldirsa-chi? Bilaman, sen yaxshi xoʻjayinsan, itingning oldiga suyak tashlashni unutmaysan. Menga ham nimadir berasan. Lekin sen yanglishasan, oshna, men suyakka qanoat qiladigan iting emasman. Men qoʻlingdagi suyakni olib, kimga lozim boʻlsa unga oʻzim tashlayman. Suyak gʻajish Chuvrindiga yarashadi. Lekin sen oʻlishga shoshilma, oshna. Meni ahmoq qilmoqchi boʻlsalaring, mayli urinib koʻraverlaring. Sening joningni olmoqchi boʻlgan Azroil bilan oʻzim olishaman. Bir kun boʻlsa ham umringga umr qoʻshtirmasam yurgan ekanman...»

Eshik qiya ochilib, ostonada «qozi» koʻrindi.
— Xumkallaga tilla berdingizmi, ja-a ogʻzi qulogʻida, — dedi u yaltoqlanib.

Kesakpolvon oʻzi erk bergan xayollarini yana oʻz joyiga jamlab, zanjirlab, «qozi»ga qarab zaharli iljaydi:
— Unga bergan narsamni million tilla bilan ham sotib ololmaydi.
— Nima ekan u?
— Yo otang, yo onang goʻngqargʻa sen bolaning. Hamma narsaga burningni tiqaverma, deb necha marta aytganman-a! Yo burningni kesib tashlaymi?

«Qozi» bu poʻpisa amalga oshib qolmasin, deb qoʻrqibmi, darhol qoʻlini koʻksiga qoʻydi-yu, bosh egib mutelik koʻrinishini zohir etdi. Kesakpolvon uning ta’zimiga e’tibor bermay piyolaga konyak quyib ichdi-da, gazak qilmay oʻrnidan turdi. «Qozi» itoatkor mulozim koʻrinishida uni koʻchaga qadar kuzatib bordi. «Lozim boʻlsa ignaning teshigidan tuyani ham oʻtkazib yubora olaman», deb katta ketuvchi «qozi» xoʻjayinning fe’li aynib turganini fahmlab, bunday kezlarda chorakta gap ham ortiqchaligini bilgani uchun lom-mim demay, barcha ehtiromini ta’zim orqali izhor eta qoldi.

Choyxona hovlisidagi mashina yonida turgan yigitlardan biri orqa eshikni ochdi. Ammo Kesakpolvon haydovchi oʻrni tomon yurdi. Uning maqsadini anglagan haydovchi darrov joyni boʻshatdi. Kesakpolvon «qozi»ga xayr ham demay, eshikni yopdi-da, mashinani yurgizdi. Kuzatuvchi yigitlar tushgan kulrang «Jiguli» betoʻxtov ravishda unga ergashdi.

«Qozi» kirgan vaqtda Kesakpolvon xayolini kishanlagan boʻlsa-da, yuragini qizdirayotgan gʻalayon oʻtini oʻchira olmagan edi. Bu oʻt choyxonadan uzoqlashgach, kishanni parchalab, yana xayollariga erk berib yubordi. Mashinani oʻzi haydashidan maqsadi — koʻngli yolgʻizlikni qoʻmsaganidan edi. Har bir inson bolasida mavjud boʻlganidek, unda ham ba’zan shunday hol yuz berar edi. Ammo u gʻofil banda dunyoga kelganidan beri yolgʻiz ekanidan bexabar edi.

Toʻgʻri, vohidlik — faqat Ollohga xos. Ammo odamlar orasida yashovchi bandaning samimiy doʻsti yoʻq ekan, oʻzi Ollohdan uzoq, Yaratganni oʻziga hamroh bilmas ekan, uni yolgʻiz sanash mumkin. Alqissa, yolgʻiz odamgina yolgʻizlikni istaydi. Kesakpolvon atrofidagi odamlardan ba’zilarini doʻst, ayrimlarini mulozim deb hisoblardi. Lekin jilmayib turuvchi bu doʻstu mulozimlar boshga tushgan dastlabki baxtsizlikdayoq sinovdan oʻta olmasliklarini u oʻylab koʻrmagan edi. Agar sadoqat — doʻstlik yuragi sanalsa, Kesakpolvon atrofidagilarni yuraksiz bandalar deb aytish joizdir. Bir donishmand «urush — botirni, jahl — dononi, yoʻqchilik — doʻstni sinaydi» degan ekan. Koʻp yillardan beri yoʻqchilik nima ekanini bilmaydigan bu odam uchun doʻstni sinash imkoni ham yoʻq edi. Uning Asadbek bilan yaqinligi garchi doʻstlik libosida koʻrinsa-da, aslida odam bolasiga xos samimiylikdan yiroq, faqat bir maqsad yoʻlidagi majburiy birlashuv edi. Ular shu yillar ichi tirishib, tirmashib togʻ choʻqqisi tomon intildilar. Yoʻllari xatarli edi. Choʻqqiga yakka-yolgʻiz yeta olmasliklarini bilar edilar. Shu sababli bir-birlarini himoya qiluvchi arqon bilan bogʻlangan edilar. Ular bu arqonni doʻstlikning temir zanjiri deb faraz qilardilar. Ammo birovlari toyib bu arqonga osilsa-yu, ikkinchisining hayoti xavf ostida qolsa, bu arqonning kesiluvi tayin edi. Chunki ular «bir kishi oʻrniga ikki kishining oʻlmoqligi bema’nilikdir» degan oʻzlariga xos hayot falsafasiga amal qilib yashardilar.

Choʻqqiga yetgunlariga qadar ular bu sinovga uchramadilar. Bir choʻqqini egallashgach, narida yanada balandrogʻi koʻringanida Asadbek uni egallashni istamadi. Ular yaxshi hamroh boʻ-lar, deb Chuvrindini ham choʻqqiga olib chiqqan edilar. Mana endi Asadbek choʻqqini tashlab ketmoqchi. Endi bu choʻqqi kimga nasib etadi? Chuvrindigami?

Kesakpolvon «choʻqqidagi taxtga Chuvrindi da’vogar», degan fikrga kelib, yanglishmagandi. Asadbek chindan ham oʻrnini Chuvrindi egallashini istardi. Ammo bu ikki a’yonning choʻqqi talashib, oqibatda ikkovi baravar qulashi mumkinligini ham sezib turardi. Shu sababli kaftdek choʻqqini ikkiga boʻlib, oʻrtadan devor olib, ikki «mustaqil mamlakat»ga aylantirmoqni oʻylardi. Shubhasizki, Asadbekning bu oʻyidan Kesakpolvon bexabar edi. Bilgan taqdirida esa bu xom xayolning amalga oshishiga yoʻl qoʻymagan, «Men bor joyda Chuvrindi chuvrindiligini qilsin, joyini bilsin», degan boʻlar edi.

U mashinani shaharga olib boruvchi yoʻl qolib, dala tomon beixtiyor burdi. Uning koʻngli faqatgina yolgʻizlikni emas, kenglikni, jim-jitlikni ham istayotgan edi. Kenglikni esa daladan topmoqni umid qilgandi. Ajablanarli yeri shundaki, tor koʻngil daladan panoh izlamoqda edi. Tor koʻngil hech qachon kenglik bilan murosa eta olmasligini esa u bilmasdi. Jimlikni ham daladan istayotgandi. U kishanni parchalay olgan xayollari shovqini jim-jitlikni yaqin yoʻlatmasligini ham bilmasdi.

Asfalt tugab, traktor gʻildiraklari oʻyib yuborgan yoʻl boshlangach, mashina bir-ikki qattiq silkinib, toʻxtadi. Izma-iz kelayotgan mashina ham oʻttiz qadamcha narida toʻxtadi.

Kesakpolvon «nima boʻldi ekan?» deb oʻylamadi ham, tushib qaramadi ham. Faqat roʻparasidagi kaftdek koʻzgu orqali orqasiga bir nazar tashlab qoʻydi. Ammo uzoq oʻtira olmadi. Yuragi toshib, tashqariga chiqdi-da, mashinadagi yigitlarga qarab baqirdi:
— Hoʻ, ammamning buzogʻi, nimaga anqayasan?! — savol quruq boʻlmasin, deb yigitlarning onalarini bir sidra «eslab», «oʻqib tashlagach», sal hovuri pasayib, yaqinda karamlari yigʻishtirib olingan, endi mollarga rohat baxsh etayotgan dala sari yurdi. Bu manzara koʻzni quvnatadigan darajada goʻzal boʻlmasa-da, yuragida jindek sururi bor odam oʻzicha taskin topishi mumkin edi. Bunday fazilat ulashilganda navbati yetmay qolgan Kesakpolvonga sal narida bezrayib qarab kavsh qaytarayotgan sigir yoqmadi. Engashib mushtday tosh oldi-da, sigirning onasiga ham «muhabbatini izhor etib» otdi. Sigir qochmoqchi boʻlib boʻynini bir qayirdi-yu, soʻng «oʻzing pachoqqina odam ekansan, nimaga doʻq qilasan, yo shoximga ilib otib yuboraymi?» deganday moʻ'rab qoʻydi. Kesakpolvon otgan ikkinchi kesak yagʻriniga tekkach, «pachoq boʻlsang ham shaytonning jiyaniga oʻxshaysan, sen bilan pachakilashmay qoʻya qolay», debmi, burilib nari ketdi. Choʻchib qochmay, asta burilib ketishi ham Kesakpolvonning gʻashini keltirib, uchinchi marta kesak otdi. Sigir esa pashsha qoʻriganday dumini havolatib qoʻyib, sekin ketaverdi.

Yigitlar qorni yerga tiralib qolgan mashinani itarib katta yoʻlga olib chiqishgach, Kesakpolvon iziga qaytib, haydovchisiga qarab baqirdi:
— Nega serrayib turibsan! Oʻtir, hayda mashinani!

Hojasining bunday qiliqlariga koʻnikib ketgan haydovchi ham, yigitlar ham bir nafasdayoq joy-joylarini egalladilar.

Haydovchi shahar yoʻliga chiqquncha indamadi. Soʻng aybdor odamning ovozida soʻradi:
— Qayoqqa hayday?

Kimni chaqishni, zahrini kimga solishni bilmayotgan Kesakpolvon unga oʻqrayib qarab:
— Onangnikiga... — deb soʻkindi. Soʻngra togʻ dovoni ortidagi bir joyning nomini aytdi.

Haydovchi «rost aytyapsizmi?» deguday boʻlsa, onasiyu buvilari yana qayta eslanishi mumkinligini bilib, shaharga kirmay, aylanma yoʻl orqali togʻ sari yurdi. Dovondan oshib oʻtishganida qorongʻi tushib qolgan edi. Kesakpolvon tabib chol yashaydigan joyni tunda qidirib topish qiyinligini fahmlab, mashinani soy boʻyidagi choyxona sari burishni buyurdi.

Yoz oylari tunu kun yoʻlovchilar bilan gavjum boʻluvchi choyxonaning egasi barcha qatori ularga ham lutf koʻrgazib kutib oldi-da, «Tashqari salqin, ichkarida oʻtira qolinglar», deb pastak uyga boshladi.

Shahar tomonlarda kuz borliqqa hukm oʻtkazayotganidan taltaymoqda esa-da, qishning barvaqt hamlasiga dosh berolmasligini bilib, bu yerlarni tezroq tashlab qochmoq harakatiga tushgan edi. Yarim tunda turgan qattiq shamol boʻgʻotlarga urilib, uvillay boshladi.

Tongga yaqin qor aralash yomgʻir yogʻdi. Yigitlarning biri shu uyda, qolganlari mashinada edilar. Barchalari sovqotib, subhda uygʻonishdi-da, choyxonachi bilan hisob-kitob qilib yoʻlga tushishdi. Vodiyni kesib oʻtib, tabib chol yashaydigan togʻ yonbagʻridagi qishloqqa peshinga yaqin yetib kelishdi

4

Daraxtzorga burkangan qishloq osuda, ezib yogʻayotgan yomgʻir qishloq ahlini uy-uyiga haydagan, shagʻal bostirilgan koʻchalar kimsasiz edi.

Tabib chol asli bu yerlik emas. Yigirmanchi yillarda jamiyat vasvasaga tushib, «qama-qama», «quloq qil», degan kasalga uchragan damlarda bu balo ofati ularni issiq uylaridan haydab chiqarib, shu yerga haydab kelgan edi. U paytlarda qishloq sal pastroqda boʻlib, «Toʻngʻizqoya» deb ataluvchi bu joyga odamlar yaqinlashishni istashmas edi. Uzoqdan toʻngʻizning tumshugʻiga oʻxshab koʻrinadigan qoya atrofidagi toshloq yerda daraxt oʻstirish qiyin boʻlgani sabablimi, qishloq past tomonga qarab kengayar, bu tomonga chiqishni istovchilar esa topilmas edi.

Ular dastlabki yili bir dehqonning katalakdek uyidan panoh topishdi. Keyingi yozda shu qoyaga orqa qilib bir bostirma solib, koʻchib chiqishdi. Tabiblik— cholga ota meros, toʻqqiz ajdodi tabib oʻtgani unga ma’lum. Bobolari Ollohning bandalariga shifo berishida sababchi boʻlishganini, ammo bu xizmatlari evaziga bemordan sariq chaqa ham olishmaganini yaxshi biladi. Odamlarga xolis xizmat qilish ham ota meros. Bir-ikki bemor avvalo Ollohning marhamati, qolaversa, otasining ilmi tufayli sogʻaygach, ularning obroʻlari oshdi. Shu obroʻ orqasidan serhosil yerlarga egalik qilishlari ham mumkin edi. Biroq otasi «Bu yer shu qishloq odamlarining rizqi.

Olloh nasib etsa, biz oʻz yerlarimizga ketarmiz», deb qoya poyidagi qarovsiz joyni tanlagan edi. Tabib chol oʻshanda, bola kezlari ham bostirma emas, tuzukroq uy qurish imkoniyatlari mavjudligini bilardi. Bobolardan meros qolayotgan tillalar borligidan ham xabardor edi. U tugʻilib oʻsgan qishlogʻida dangʻillama imoratda emas, koʻrimsizgina uyda yashagani, nazarga ilinarli mol-mulki yoʻqligi sababini keyinroq, otasi hayotdan koʻz yumar paytda bildi. Bobolari bu yurtga boshqa yerlardan kelganliklarini, oxir-oqibat ajdodlar yurtiga qaytishni vasiyat qilganlari, tillalarni faqat oʻsha yerlarda ishlatishga ijozat etganlaridan xabar topdi. Bu vasiyat avloddan-avlodga meros qolar, kim, qachon bobolar yeriga qaytajagini bilishmasa-da, oila siriga xiyonat qilmas edilar. Otasi qishloq ahlini oʻlimdan qutqarish uchungina xazinadan oz qismini ishlatgan, shundanmi umrining soʻnggi kunlarida jon berolmay azoblangan edi.

Xumkalla boshlab kelgan, Chuvrindi oʻlimga hukm etgan tabib bu cholni koʻrmagan, hayotini, tarixini ham bilmas edi. Faqatgina uning dovrugʻini eshitgan edi. Kesakpolvonga uning manzilini aytayotganida «Asadbekka qaramasa kerak», deb oʻylagan edi. Oʻzini qudrat bobida ikkinchi oʻringa qoʻyuvchi Kesakpolvon esa cholni shaharga olib kelishiga, doʻstining shu chol qoʻlidan shifo topishiga, shu tufayli «Asadbek — Chuvrindi» bitimining kulini koʻkka sovurishiga amin edi. Qudrat bobida oʻzini ikkinchi oʻringa qoʻyadi, deyilganda birinchi oʻrinda Yaratgan qodir Xudo turadi-da, deb anglashingiz tabiiy. Agar Kesakpolvonni nazarda tutib, shunday desangiz, adashasiz. Chunki u «kamtarin» banda qudrat bobida oʻzidan oldin faqat Asadbekni koʻradi. Agar «hoy gunohkor banda, avvali Olloh!» desangiz-da, uchinchi oʻringa tushib qolishni sira istamaydi. Agar shahardagi tabib «ovora boʻlib borib yurma, oʻsha chol sening qudratingni bir pulga olmaydi, magʻrur boshingni egadi, suzmoqchi boʻlgan shoxingni sindiradi», deganida tili kesilishi mumkin edi. U cholning fe’lini yaxshi bilmagani uchun ham bunday jazodan qutulib qoldi.

Cholning hovlisi gir aylana qoʻrgʻon qilib oʻralgan, ammo darvoza oʻrnatilmagan edi. Hovlining bir qismiga pastak uylar qurilgan, asosiy qismi esa molxona, otxonadan iborat, etakdagi baland bostirma ostida qishlik xashak gʻamlab qoʻyilgan edi. Uylar oldiga ikki qator mevali daraxt ekilgan, hovli oʻrtasi yaydoq, toʻrt yerga yetti yashar bolaning belidek keladigan yoʻgʻonlikda, boʻyi bir yarim qulochli xoda koʻmilgan edi. Tepa qismi odam boshini eslatadigan bu xodachalar otlarning qozigʻi ekani, bu xonadonda uloqchi chavandozlar yashashini hamma ham darrov anglayvermaydi. Harholda Kesakpolvon bunaqa manzarani ilk daf'a koʻrishi edi. Shu sababli qaysi bir kinoni eslab, bu qoziqlar unga choʻqinadigan butlar kabi tuyuldi.

Begona odamlar kirganini sezgan otlar pishqirishdi. Ikkita katta it oʻrnidan turib, «nimaga keldilaring?» deganday tikilib qoldilar-u, ammo vovullamadilar. Kesakpolvon it talab qolmasin, degan xavotirda tabib cholning otini aytib chaqirdi:
— Rahmon aka!

Otxona tomondan «hozi-ir» degan ovoz keldi. Bir ozdan soʻng egniga paxtalik, boshiga telpak, oyogʻiga kirza etik kiygan qora soqolli bir kishi chiqib kelib, ular bilan salomlashdi.
— Rahmon aka sizmisiz? — dedi Kesakpolvon, unga boshdan-oyoq razm solib. U tabib cholni farishta koʻrinishida, oppoq libos kiyib yuruvchi oqsoqol boʻlsa kerak, deb oʻylagan edi.
— Yoʻq, men hamsoyalariman. Usta otga qarayatuvdilar. Bugun Aravonda katta uloq, deng, ashaqqa borish kerak. Endiyla joʻnaymiz, deb turuvdik.
— Biz shahardan keldik. Kasalimiz bor, — dedi Kesakpolvon.
— Picha kutib turallar, taqsir. Qani, ichkariga kirsinlar, bu yer shabadaroq, ustingiz yupun ekan.

Kesakpolvon sovqota boshlagan edi, noz qilib oʻtirmay, chap tomondagi birinchi xonaga kirdi. Yigitlar chekishni bahona qilib, tashqarida qolishdi. Kesakpolvon kirib oʻtirgach, mezbon fotiha oʻqib, uzr soʻradi-da, chiqdi. Dam oʻtmay qirra burunli bir oʻspirin salom berib kirib, dasturxon yozdi. Kesakpolvon bir piyola choyni ichib ulgurmay eshik ochilib, baland boʻyli, qirra burunli, koʻzlari dumaloq, qoshlari qalin, kalta soqolli odam koʻrinib salom berdi. Kesakpolvon bilan soʻrashib oʻtirgach, fotiha oʻqidi. Soʻng oʻrnidan turib yengil ta’zim qilganicha «xush keldingiz», deb kalta soqolini silab qoʻydi.
— Rahmon aka sizmisiz? — deb soʻradi Kesakpolvon.

Bu gap cholga yoqmay, peshanasini tirishtirdi:
— Men Xudo emasman. Ollohning quliman. Ismim Abdurahmon.

Kesakpolvon uning nima sababdan bunday deganiga tushunmadi. Buni olifta bir gap oʻrnida qabul qildi. U «shahardan atay kelganimizni bilib bu qishloqi tabib xursand boʻlib ketadi», deb oʻylagan edi. Cholning mensimayroq qarashi uning ham gʻashini keltirdi. Xudoning qudratini qarangki, ular dastlabki salom-alikdayoq bir-birlariga yoqmadilar. Chunki ikkovlarida ham bir onning oʻzida kibr uygʻongan edi. Bandaga xos boʻlmagan kibr oʻzining eng zoʻr vazifa-sini — odamni-odamga yomon koʻrsatish, bir kimsani ikkinchisidan nari itarish ishini amalga oshirishga kirishgan edi.
— Dovrugʻingizni eshitib, shahardan atay keldim, — dedi Kesakpolvon «shahardan» soʻziga urgʻu berib. — Oshnam kasal, borib koʻrsangiz, xursand qilamiz.

Keyingi gap choldagi qaysarlik darvozasini lang ochib yubora qoldi. U soqolini silab, Kesakpolvonga tikildi. Har bir narsani pulga sotib olish mumkin, deb hisoblovchi Kesakpolvon roʻparasidagi bu cholning benihoya koʻp boylik egasi ekanini qaydan bilsin? Bu cholning har qanday boylikka nafrat bilan qarashini bilgan taqdirda ham nima uchun shundayligini Kesakpolvon fahmlay olmagan boʻlardi.

Abdurahmon tabib unga bir oz tikilib turgach, tilga kirdi:
— Oshnangiz xasta boʻlsa, Olloh shifosini bersin.
— Mashinada borib kelasiz. Urinmaysiz. Tuzatsangiz, ogʻzingizga siqqanicha soʻraysiz, bir tiyin kam bergan — nomard!
— Shundaymi? — dedi chol, Kesakpolvondan koʻz uzmay. — Pulingiz shunaqa koʻp boʻlsa doʻxturlarga bermaysizmi?!
— Ularning qoʻlidan kelmaydi. Oshnam rak boʻlib qolgan.
— Ha-a... dardi ogʻir ekan, boyaqishning. Lekin men siz aytgan joyga bormayman.

Choldan bunday gapni kutmagan Kesakpolvonning jahli chiqib, oʻrnida bir qimirlab oldi. Atrofidagilarning hamisha qulluq qilib turishiga, aytgan amri betoʻxtov ijro etilishiga koʻnikib qolgan Kesakpolvon uchun bu gap kutilmagan bir zarba edi. Yaqin orada hech kim unga bu tarzda muomala qilmagandi. Kimsan, Haydarbek, katta boshini kichik qilib, qancha yoʻl yurib kelsa-yu, bu pistakoʻmirga oʻxshagan chol oliftalik qilsa!

«Oʻzim ahmoqman, — deb oʻyladi Kesakpolvon, — yigitlarni yuborsam-ku, yumaloq-yostiq qilib boʻlsa ham yetkazishardi...» Yigitlarning oʻzlarini joʻnatish fikri shahardayoq xayoliga kelgan, ammo guvoh koʻpayishini istamay, oʻzi yoʻlga chiqqan edi.
— Amaki, oʻylab gapiryapsizmi? Qancha yoʻl yurib kelganimizni bilasizmi?
— Bilmayman. Qaerdan kelganingizning menga farqi yoʻq.
— Siz tabibmisiz oʻzi?
— Odamlar shunaqa deyishadi. Olloh istasa men bir vosita boʻlamanu dardmandga shifo yetadi. Boʻlmasa yoʻq.
— Nima, mening oshnamni davolashni Xudoyingiz istamayotibdimi? — dedi Kesakpolvon, gʻijinib.
— Olloh, bir meniki emas, barchamizniki, — dedi chol ovozini bir parda koʻtarib. — Siz nomusulmon odamga oʻxshab soʻzlar ekansiz.

Shu payt tashqarida yuk mashinaning pishqirib toʻxtagani ovozi eshitildi. Keyin eshik ochilib, hamsoya koʻrindi-da, kutilayotgan mashina kelganini ma’lum qildi.
— Otlarni olib chiqaveringlar. Mehmon shoshib turibdilar. Gapimiz ham bitdi, — dedi Abdurahmon tabib unga javoban.

Cholning bu gapi Kesakpolvonning nazarida behurmatlik chegarasidan ham oʻtib ketib, chinakamiga achchiqlandi.
— Siz yaxshi ish qilmayapsiz. Agar xohlasak, mashinaga bosib olib ketishimiz ham mumkin. Biz bilan oʻynashmang.

Bu poʻpisadan cholning ham gʻazabi qaynadi. Ammo mehmonni quvib chiqarmaslik uchun sukut saqlab, oʻzini bosishga majbur etdi. Kesakpolvon esa bu jimlikni oʻzining foydasiga hal qilib, «bitta poʻpisalik jonlaring bor, senlarning», deb qoʻydi.
— Oshnangizga Xudoning oʻzi shifo bersin, omiyn,— dedi Abdurahmon tabib, fotihaga qoʻl ochib.
— Borasizmi? — dedi Kesakpolvon amr ohangida.
— Yoʻq, borolmayman.
— Siz oʻylab gapirmayapsiz. Bilib qoʻying, oshnam oʻlsa, bu uyda bitta ham tirik jon qolmaydi!

Agar Kesakpolvon bu gapni koʻchada aytganida, eshitadiganini eshitardi. Chol musulmonsheva koʻrinsa-da, ba’zan oʻzini tuta olmay qolardi. U qaysar edi, tajang edi, bandaga nomunosib illatlardan bebahra ham emasdi, ammo har qanday sharoitda mehmonning izzatini qilishga majbur ekanini bilardi. Hozir mezbonlik burchi hamma narsadan ustun kelib, Kesakpolvonga qattiq tikilish bilan cheklandi. Uning vujudida alanga olgan gʻazab oʻtini shu koʻzlari bildirib turardi.
— Ha, nimaga tikilib qoldingiz, borasizmi? — deb soʻradi Kesakpolvon endi tahdid ohangida.
— Sen... — Abdurahmon tabibning ovozi titragan holda chiqdi. — Valadi zinoga oʻxshaysan...

Shu oʻrinda chol mezbonlik vazifasiga ozgina xiyonat qilishga majbur boʻldi. Oʻrnidan turib, xonani tark etdi. Kesakpolvonning gʻazabi unikidan kam emasdi. Ammo u mehmonlik burchi nima ekanini bilmasdi.

Kesakpolvon yuk mashinasi yonidagi otlarga qarab turdi-da, yigitlardan birini imlab chaqirib, qulogʻiga shivirladi:
— Bularning izidan borasan. Bexit joyda otlarini quritasan. Odamlariga tegma. Biz sekin yurib turamiz, yetib ollaring.

II bob

1

...Atrofga shom qorongʻusi bostirib keladir. Kech kuzning izgʻirinli nafasi sochlarini asta toʻzitadir. Juvonning vujudini esa xufton zulumoti bosadir, yurakkinasi muzlaydir, tanasi sovuqdanmi yoxud oʻlim sharpasining qoʻrquvidanmi yengil titraydir... Kumushbibi boʻlmoqni orzu etgan bokira, inju orzulari loyga qorishgan Tuproqbibi, undanda battar qavmda soʻnggi nafas sari boradir...

Otasining koʻzlari «Sen hur qizlar bilan birga boʻlasan», dedi. Lekin Zaynab oʻzidayin sharmandani hur qizlar qatorlariga olmasliklarini biladi. Ammo bunday hollarda astoydil tavba qilmogʻi, hayotdan koʻz yumar arafasida bir martagina boʻlsin peshanani sajdaga olib bormogʻi lozimligini bilmaydi. Bilganida edi, titroq barmoqlari otasi tashlab ketgan arqondan sirtmoq yasamoqqa urinmagan, Yaratganning omonatiga xiyonat qilmoqqa tayyorlanmagan boʻlardi.

Otasi arqon tashlab ketdi. Otasining maqsadini bir qarashdayoq angladi. Doridan karaxt boʻlgan, sharmandali voqeadan chayqalgan aqli oʻylamoqdan, mulohaza yuritmoqdan ojiz edi. U faqat bir narsani idrok etdi — otasining hukmi mutlaq toʻgʻri! Aslida Zaynab sharmandali uyda, kiyinayotgan mahalida oʻzini-oʻzi oʻlim jazosiga hukm etgan edi. Otasi bu hukmni qanday ijro etishni koʻrsatdi xalos...

Sirtmoq yasayotgan barmoqlari birdan toʻxtab, yarim yumuq koʻzlari ochildi. Uy burchagiga tikilib qoldi. Gapiray desa tili aylanmadi. Oʻlimga shaylanayotgan juvonning uy burchagida yelkasiga xurjun tashlagan qora xotinni koʻrib qoʻrqib ketishi siz uchun ajablanarli hol tuyular. Agar bu qora xotin uning koʻziga jon olgʻuvchi Azroil sifatida koʻringan boʻlsa-chi? Bu xotin aynan bugun ertalab non tilab kelgan, soʻng aqlni lol qoldiradigan tarzda koʻzdan yoʻqolgan boʻlsa-chi?!

«Chiqib ketuvdi-ku? Uyga yana qanday kirib oldi? — deb oʻyladi Zaynab. — Ertalab qoʻlida chaqalogʻi bor edi. Bolasi qani, qayoqqa tashlab keldi?»

...Chindan ham qoʻlida kir lattaga oʻralgan chaqalogʻi bor edi...

Zaynab ertalab badanidagi ogʻriqqa shifo topish ilinjida Mardonaga qoʻngʻiroq qilishdan oldin oʻzini yengishga urinib, xayolini chalgʻitish maqsadida koʻchaga chiqdi. Bironta qoʻshni ayolni uchratsam, ozgina laqillashib tursam, ogʻriq chekinarmikin, deb oʻylagandi.

Qoʻshnilar bilan aytarli kirdi-chiqdi qilmaydigan Zaynab shu tobda ularni koʻrgisi keldi. Har kuni ertalab koʻcha supurish bahonasida boshlanuvchi xotinlar majlisi ozgina tanaffusdan soʻng kun yoyilguncha davom etar, sergap xotinlarni koʻrib, Zaynabning gʻashi kelardi. Har qanday majlisda tanaffus boʻlganidek, xotinlarning koʻcha izdihomida ham taxminan bir soat davom etadigan uzilish mavjud edi. Bu vaqt mobaynida xotinlar erlarini ishga, bolalarini maktabga, bogʻchaga kuzatishib yana koʻchada paydo boʻlishar, «mish-mish xalta», «gʻiybat toʻrva»lar baralla ochilib, biti toʻkilib yayragan odamday huzur qilishardi. Ularning anjumanlari bolalaridan birining maktabdan qaytguniga qadar ham davom etishi mumkin edi. Bugun «majlis» qoldirilganmi yo barvaqt nihoyasiga yetganmi, nechundir xotinlar koʻrinmadi.

Zaynab boʻm-boʻsh koʻchaga qarab turgach, iziga qaytdi. Hovli tomon uch-toʻrt qadam qoʻymay, bir ovoz uni toʻxtatdi:
— Yanga, hov yanga, birpasga toʻxtang, dardingizni olay.

Zaynab oʻgirilib, darvoza ostonasida turgan ozgʻin, qora xotinni koʻrib ajablandi: «Hozir koʻchada hech kim yoʻq edi-ku, bu qayoqdan paydo boʻlib qoldi?» Zaynab ajablanganini yashirmagan holda ayolga razm soldi: qoʻlida kir lattaga yoʻrgaklangan chaqaloq, yelkasida xurjun. Kiprik qoqmay tikilib turibdi.

Zaynab uy tomon yurmoqchi edi, qora xotin yana toʻxtatdi:
— Menga qarang, dardingizni olay.
— Hozir pul olib chiqaman, — dedi Zaynab.
— Pulingiz kerakmas. Sizga men bir gap aytay. Toʻyingizda boʻlganman. Oʻsha kuni menga birov bir soʻm bermadi, xor boʻldim. Ammo eringiz menga koʻp pul berdi. Bir xotun koʻylaklar berdi. Men duo qildim, bu uydan qarz boʻlib qoldim. Qarzimni uzayin deb bir gap aytgani keldim. Dardingiz ogʻur yanga, dardingizni mengina olay, ammo bugun koʻchaga chiqmang. Xudo, deng, dardingiz ketadi. Endi siz menga bittagina non bering, dardingizni olay.

Zaynab oshxonaga kirib qutini ochdi-da, suvi qochgan yarimta boʻlkani olib «nazarga ilarmikin» degan oʻyda ikkilandi. Soʻng «boshqa non yoʻqligini aytarman», deb iziga qaytdi. Qaytdi-yu, hovlining oʻrtasida toʻxtadi: qora xotin koʻzdan yoʻqolgan edi. Tez-tez yurib koʻchaga chiqdi.

Koʻcha ham kimsasiz edi. Yarimta boʻlkani koʻtarib kirayotgan Zaynabni koʻrgan Elchin:
— Ha, nima boʻldi? — deb soʻradi.
— Gadoy xotin kiruvdi...
— Non bermoqchi boʻldingmi, ular hozir non olarmidi, pul bera qolmabsan...

Zaynab eriga qora xotinning gaplarini tushuntirib oʻtirmadi. Elchin ketgach, badanidagi ogʻriqlar kuchaydi. Beixtiyor telefon goʻshagini koʻtardi. Mardonani topdi. Qora xotinning gaplarini unutdi.

Aynan oʻsha qora xotin hozir, sirtmoq tugilayotgan damda uy burchagida turibdi. Yelkasida xurjun, ammo bolasi yoʻq... Zaynab unga tikilganicha lom-mim demay qotib qoldi. «Qachon kirding uyga?» demoqchi boʻldi, ammo tili aylanmadi. Qora xotin esa undan savol kutganday, kiprik qoqmagan holda harakatsiz turaverdi. Bu holat bir necha daqiqa davom etdi. Zaynab oʻzini osmay turib, barmoqlarining jon taslim qilayotganini sezdi. Yaqinginada sirtmoq tugayotgan barmoqlar endi jonsizdek, oʻziga boʻysunmas edi.

«...Agar Azroil shu boʻlsa, oʻzimni osmay turib jonimni shundaygina olib qoʻya qolmaydimi?.. «Oʻzini osibdi» deyilsa, odamlar ming xil mish-mish toʻqishadi. «Toʻsatdan oʻlibdi» desa, «bechora» deb qoʻya qolishardi. Azroil boʻlsa nega tikilib turibdi? Shartta chang solib, jonimni sugʻurib ola qolmaydimi? Yo arqonga osilishimni poylayaptimi? Uyda osganimda bu qora xotin yoʻq edi. Shuning uchun tirik qolganmidim? Yoʻ-oʻq... unda oyim qutqarib qolgandilar. Endi... oyim yoʻqlar... Hozir... Hozir osaman... Sen qanaqa Azroilsan oʻzing, osishimni poylab nima qilasan? Oʻlimga rozi boʻlganimdan keyin oladiganingni olavermaysanmi?..»

Zaynab keyingi gaplarni baqirib aytmoqchi edi. Biroq, lablari sal qimirladi-yu, ovoz chiqmadi.

Nihoyat ikkala tomonning sukut bilan olishuviga xotima yasalib, qora xotin tilga kirdi:
— Nima qilyapsan, oʻzingni osmoqchimisan?

Ertalab qora xotin muloyim edi, endi esa sensirayapti, ovozi ham dagʻal.

Zaynab uning savoliga bosh irgʻab qoʻydi.
— Osib ovora boʻlma, sen oʻlmaysan.

«Oʻlmaysan? Nega? Bu kim oʻzi — Azroil emasmi? Oʻlmasligimni qaerdan biladi?»
— Gapimga tushunmadingmi? Oʻlmaysan.
— Nega? — Zaynab oʻzining ovozini arang eshitdi. Bu ovoz xuddi begonadek, tubsiz quduq qa’ridan eshitilgandek tuyuldi.
— Men bilaman, sen oʻlmaysan, — dedi qora xotin kiprik ham qoqmay, — Sen uzoq yashaysan. Shu qadar uzoq umr koʻrasan-ki, yashash joningga tegib ham ketadi. «Omonatingni ol!» deb Xudoga yalinasan. Ammo Xudo sening nolalaringni eshitmaydi.

Oʻlimdan qoʻrqmayotgan juvon qora xotinning bu gapini eshitib choʻchidi:
— Nega?! — Zaynab bu safar balandroq avjda soʻradi.
— Sen Xudodan uzoqlasha boshlading. Men ertalab kelib «Koʻchaga chiqma» dedimmi? Sen quloq solmadingmi? Darvoza ostonasini hatlab chiqishing bilan Xudodan uzoqlasha boshlading. Endi har qadaming bilan uzoqlashaverasan. Sen hozir oson oʻlim topmoqchimisan? Yoʻq, bunday oʻlim senga nasib etmaydi. Xudo senga uzoq umr berib jazolaydi.

Zaynab qora xotinning Xudodan uzoqlashish haqidagi gaplarini idrok qila olmadi. Bu gapni boshqa paytda, ruhi tetik damlarda eshitganida ham durust anglamagan boʻlardi. Shu yoshga yetib, Ollohga yaqinlashmoqqa intilib yashamoqning nima ekanini bilmagan, eshitmagan, hatto ota-onasi ham Yaratganni durust tanimagan odamning bu gaplarni fahm etmogʻi mushkul. Zaynabga birov shu paytgacha «Seni Olloh yaratgan, unga qulluq qil, undangina najot kut», demagan. U oʻqigan kitoblarining quli edi, sururga bandi edi, oʻz tasavvuri bilan yaratgan dunyoda shodon yashamoqchi edi. Poydevori sururdan iborat har qanday qoʻrgʻon hayot deb atalmish kichik bir palaxmon toshi tegishi bilan yakson boʻlishini oʻylab ham koʻrmagandi. Oʻzining tasavvuri bilan yaratgan dunyosi esa tutundan iborat, hayotning yengilgina shabadasiyoq uni toʻzitib yuborish kuchiga ega edi. Shunday boʻldi ham. Bu surur, bu aldamchi dunyo uni shu sirtmoq sari yetaklab keldi. Qora xotin esa «uzoq yashaysan, qiynalib oʻlasan», deydi. «Nimaga bunaqa deydi? Meni laqillatmoqchimi? Bitta tugun tugsam boʻldi. Keyin osaman. Uzogʻi bilan uch daqiqa kifoya...»

Ha, uch daqiqa kifoya edi. Zaynabga aynan shu uch daqiqa yetmadi. Telefonning qattiq jiringlashi qora xotinning gaplarini tasdiq etganday boʻldi.

2

Olmoniya sari uchib borayotgan Manzura oʻzini dorboz kabi his etardi.

Uch yil avval Asadbek ikki oʻgʻlini xorijga oʻqish uchun yuborish harakatiga tushganida quvongan edi. «Oʻgʻillarim otalari singari qil koʻprik ustida yashamaydigan boʻlishadi», deb Xudoga shukrlar qildi. Asadbek toʻngʻich oʻgʻil tugʻilganidayoq «Men buni oʻqitib, zoʻr odam qilaman», degandi. Oradan yil oʻtib keyingi oʻgʻil dunyoga kelganida ham shu ahdini aytdi. Bu maqsadini tez-tez takrorlab tursa-da, Manzura ishonqiramas edi. Farzandlari ulgʻaygani sayin «ot oʻrnini toy bosmasa edi» deb choʻchirdi.

Uning xavotiri oʻrinsiz edi. Asadbek farzandlariga qattiqqoʻl boʻlmasa-da, erkalatmadi, oʻqishini nazorat qildi. Yaxshi muallimlarni yollab, oʻgʻillarining vaqtni bekor oʻtkazishiga yoʻl qoʻymadi. Fursat yetgach, ikkala oʻgʻlini oldinma-keyin Moskvadagi oʻqishga kiritdi. Bir tomondan zarning kuchi, ikkinchi tomondan bolalarning idroki zoʻr kelib, Olmoniyada oʻqish imkoni tugʻilishi bilan bu imkoniyatdan betoʻxtov foydalanildi.

Oʻshanda quvongan Manzura oʻzini dorboz holiga tushajagini fahmlamagan edi. Juda baland tikilgan, sogʻinch deb ataluvchi bu dorning bir tomonida oʻgʻillari, bir tomonida eri bilan qizi. U esa uquvsiz dorboz, qoʻlida langar choʻpi ham yoʻq. Dorning oʻrtasiga kelib olib, dam oldinga, dam orqaga qaraydi...

Uydan chiqqanidan beri yuragi gʻash. Eri kasal, qizining yuzlaridan qon qochgan, koʻzlariga xastalik buluti koʻlanka solgan. Qizi sezdirmaslikka harakat qiladi. Lekin onaning yuragini aldab boʻlar ekanmi?

Bormayin desa, u tomonda oʻgʻillari... Bahona qidirsa eridan baloga qoladi. Borayin desa...

Uchoq bulutlar hamlasidan yulqinib chiqib ohista suza boshlagach, uchoq bekasi patnisdagi billur qadahlarda ichimlik tutdi. Manzura kalta koʻylakli bekaga «bu nima?» degan ma’noda qaragan edi, u izoh berdi:
— Pepsi-kola, pivo, vino.

Manzura: «Kerakmas, ichmayman», deganday bosh chayqadi. Shu paytgacha qosh-koʻzlariga zeb berayotgan yosh juvon boʻyin choʻzib patnisga qaradi-da:
— Pivo kimniki, finlarnikimi? — deb soʻradi.
— Moskvaniki, — dedi uchoq bekasi.
— Vino-chi?
— Vino ham.
— Fu, — dedi juvon, keyin Manzuradan iltimos qildi: — Pepsini uzatib yuboring.

Manzura «pepsisi qaysi biri ekan?» deb oʻylanib oʻyiga yetgunicha juvon uning shunday tumshugʻi ostidan qoʻlini uzatib qadahlardan birini oldi. Soʻng yarmini ichdi-da, sumkasidan yapaloq shisha idishni olib, qopqogʻini ochdi. Manzura uning harakatlarini koʻz qiri bilan kuzatdi. U yapaloq idishdagi ichimlik xorij konyagi ekanini bilmas edi. Konyakdan pepsi-kola ustiga quyilib, sumkadan bir qarichli naycha chiqarilib, simira boshlangach, Manzura kinolarda koʻrganini eslab, xonimchaning kokteyl ichayotganini fahmladi. Manzura bunaqa holatni hayotda endi koʻrishi edi, shu bois «kinoda koʻrsatadiganlari toʻgʻri ekan-da» deb qoʻydi. Manzuraning u bilan gaplashish istagi yoʻq edi.

Xonimchaning qiligʻi yoqmaganidan yoki ruschani yaxshi bilmaganidan emas, balki xayol ipining bir uchi erida, qizida, bir uchi hademay uchrashishi lozim boʻlgan oʻgʻillarida boʻlgani sababli ham unga jim ketish ma’qulroq edi. Ba’zilar ruhi bezovta paytda kim bilan boʻlsa boʻlsin, suhbatlashib xayolini chalgʻitishga, shu yoʻl bilan ruhning ezuvchi toʻrlaridan qutulib chiqishga urinadi. Manzura unday toifadan emas. U har qanday ruhiy azobning mute choʻrisi. Safarga otlanganidan beri shu choʻrilik libosida.

Ichimlik simirib boʻlingach, xonimcha sumkasidan sigaret chiqarib, birini labiga qistirdi-da, soʻng qutini Manzuraga uzatib, iltifot qildi:
— Oling, cheking!

Manzura chekuvchi ayollarni koʻrgan-u, ammo «qachondir, kimdir menga ham chekishni taklif qilar», deb oʻylamagan edi. Shu bois hamrohining taklifini darrov anglamadi.
— Chekasizmi? — deb soʻradi xonimcha uning darrov javob bermaganidan gʻashi kelib.
— Yoʻq-yoʻq, — dedi Manzura, hijolat boʻlib. Uning bu holi zimdan kuzatilsa, chekmagani uchun uyalyapti, deb oʻylash ham mumkin edi.

Xonimcha «chekmasang battar boʻl», deganday bir chimirilgach, sigareta tutatdi. Dam oʻtmay uchoq bekasi kelib:
— Aeroflot qoidasiga koʻra salonda chekish mumkin emas, — dedi.

Xonimcha uning gaplariga e’tibor qilmadi.
— Sizga aytyapman! — dedi beka, qat'iyroq ohangda.
— Tupurdim oʻsha aeroflotingga ham, qoidasiga ham, — dedi xonimcha. — Bor, ishingni qil, menga xalaqit berma. Men tekinga uchmayapman. Pulini toʻlab qoʻyganman. Qanday xohlasam, shunday uchaman.
— Qoidani buzganingiz uchun qoʻngan yerimizda jarima toʻlaysiz.
— Voy, voy, qoʻrqitib yubording-ku, qoʻngan yerimizda, agar istasam, samolyotingga qoʻshib oʻzingni ham sotib olaman. Oʻlayotgan paytingda ham oyogʻimni oʻpib oʻlasan.
— Bezbet ekansiz!
— Bor, ishingni qil, ammo kimligingni unutma!

Uchoq bekasi bu balo bilan bahslashishning foydasi yoʻqligini bilib bir nima deb pichirlaganicha burilib, nari ketdi. Manzura uning nima deganini eshitmagan boʻlsa-da, erkaklar aytadigan shirin soʻzlardan ekanini fahmlab, labini tishladi. Xonimcha hamrohi esa bu soʻzlarni ovoz chiqarib aytib qoʻya qoldi. Keyin yapaloq shisha chiqarilib, ikki qultumgina ichilgach, Manzura suhbatga tortildi.
— Bu yuvuqsizlar qachon odam boʻlarkin, a?

Manzura notanish ayollarning orasiga tushmoqni lozim koʻrmadi, indamay oʻtiraverdi. Xonimchaga hozir eshitguvchi quloq kerak edi, shu bois Manzuraning savoliga javob bermagani andak gʻashini keltirgan boʻlsa-da, gapini davom etdi:
— Xudoga shukr, bulardan qutuladigan boʻldim, — u dumaloq deraza osha pastga qarab qoʻyib, xitob qildi:— Xayr, yuvuqsiz Rossiya!

Manzura bu gapni eshitib, seskanib tushdi. U vatanparvarlik, Vatanga sadoqat, muhabbat degan balandparvoz gaplardan uzoq edi, ammo ayni choqda oʻz yurtiga nisbatan bunday deyish mumkinligini hazm qila olmay, hamrohiga savol nazari bilan qaradi. Xonimcha bu qarashning ma’nosini uqib, izoh berdi.
— Bu mening gapim emas, Gogol degan yozuvchi oʻtgan, eshitganmisiz? U Rossiyani tashlab ketayotganida shunday degan.

Tarixdan, xususan Gogol taqdiridan xabardor odam unga javoban «Ey nodon, Gogol kimu sen kimsan, oʻzingni kimga tenglashtiryapsan? Bu gap aytilgan zamon qayda-yu, bugungi zamon qayda?» degan boʻlardi. Manzura esa bu tarixdan bexabar boʻlgani sababli «Gogol degani ham gʻalati ekan-da» deb oʻyladi. U hamrohining asl maqsadini anglamadi. Yurtini tashlab ketayotgan bu xonimcha shu gapi bilan rus boʻlmagan ayolning koʻnglini qitiqlamoqchi, uni oʻziga hamdard qilib olmoqchi edi. Uning moʻljalicha, Manzura bu gapni eshitgach, «Ha, chindan ham yuvuqsiz, bular falon, bular piston...» deyishi lozim edi. Shunda u «Rossiyani shuning uchun tashlab ketyapman», deb bahonasini roʻkach qilgan boʻlardi. Lekin kutgan gap aytilmadi. Xonimcha «Bular bir nima deyishga qoʻrqishadi», deb oʻylab, achchiqlandi. Shu topda u gapirmay kelayotgan ayoldangina emas, oʻzidan ham nafratlandi: «Mening qayoqqa, nimaga ketayotganimni u bilmasa, unga tushuntirishim shartmi?..»

Odam tabiati shunday: ba’zan biron nojoʻya qadam qoʻyadi-yu, keyin oʻzini oqlash maqsadida bahonalar izlaydi. Birov «nimaga shunday qilding?» deb soʻramasa ham bahonalarini aytishga shoshiladi. Oʻzi toʻqigan, ammo oʻzi ham ishonmagan bahonaga boshqalarni ishontirmoqchi boʻladi. «Ishtonsizning hadigi choʻpdan», deb balki shunga aytilar.

Xonimcha Manzuraning qarab turishidan tutoqdi:
— Nimaga qarayapsiz? Gapim yoqmadimi, yo tushunmadingizmi?
— Tushundim... lekin...
— Nima, lekin?
— Oʻzingiz rusmasmisiz?
— Xoʻsh, rus boʻlsam-chi?
— Oʻzingizning yurtingizni shunday deysizmi?
— Xoʻsh, chindan ham yuvuqsiz boʻlsa-chi? Xoʻsh, oʻzingiz kimsiz, qozoqmisiz, tojikmisiz?
— Oʻzbekman.
— Agar Oʻzbekiston shunaqa boʻlsa, indamay yuraverasizmi?
— Xudoning oʻzi asrasin!
— Yoʻq, siz menga aniq javob bering: shu gapni aytmaysizmi?
— Tilim kesilsa ham aytmasman.
— Xoʻsh, nimaga? — Xonimcha shunday deb qutidan yana bir sigareta olib, labiga qistirdi. — Faqat «Vatanimni sevaman» demang, bunaqa gaplarni milliard marta eshitganman.

Manzura nima deyishini bilmasdi. Nima desin: kindik qonim toʻkilgan tuproq men uchun muqaddas, unda ota-onam yotibdi, aziz-avliyolar yotishibdi, bir kuni oʻzim ham shu tuproqqa qoʻshilaman, qanday qilib uni la’natlash mumkin? Oʻz yurtini la’natlagan tilni kesib, itga tashlansa, it ham bu tildan hazar qilar, yemas?

Manzuraning dilida shu tuygʻu bor, lekin bunday soʻzlarni maromiga yetkazib ulab, ayta olmaydi. Biroq, xonimcha unga qaltis savol berdi, javob kutyapti.
— Shunday deysiz-u, erta-indin yana shu... yuvuqsiz deganingiz joyga qaysi yuz bilan qaytib kelasiz?
— Kim qaytib keladi? Menmi? Oʻlsam ham qaytmasman. Tupurdim bunaqa joyga.
— Endi... bu yoqlarda yashamoqchimisiz?
— Ha. Oʻynashim kutib turibdi. Germaniyaga boramanu undan Parijga uchaman. Parijda yashayman!

«Oʻynashim kutib turibdi?» Bu gapni shu tarzda behayolik bilan aytilgani Manzurani titratib yubordi. Manzura nazoratdan oʻtayotganida bu xonimchaning bir yigit bilan quchoqlashib, oʻpishib xayrlashganiga koʻzi tushgan edi. «Demak, u boyoqish eri... bu yoqda esa oʻynashi... Voy sharmanda, yo tavba...» Manzura shunday deb oʻyladiyu birdan yodiga Zaynabning Elchinga aytgan soʻzlari yodiga tushib oyoq-qoʻliga muz yugurdi.

«Nahotki mening qizim ham shunday boʻlsa?!» degan fikr miyasiga yashin kabi urilib, jonini sugʻurib olganday boʻldi.

Jism ogʻrisa chidash mumkin, ruh zada boʻlsa, ezilsa chidamoq mushkul. Koʻzini yumib, ingrab yuborganini oʻzi ham sezmay qoldi.

Xonimchaning boshqa gapirmay jim ketishi bir jihatdan yaxshi boʻlsa-da, ikkinchi tomondan Manzurani noxush xayollar hukmiga topshirib qoʻydi. Omadsizlik-da, agar hamrohi bama’ni boʻlsa, suhbat bilan ovunardi, bu azoblar ham yoʻq edi. Bunday hollarda banda chorasiz. Islomiy ilmdan xabardor boʻlganida ham, shayton vasvasalaridan panoh izlab, Yaratgan sari intilar edi. Tangriga solih banda boʻlish tizginsiz xayollarga bandi boʻlishdan qutqarardi. Bunday panoh yoʻq ekan, azobni tortaveradi.

U oʻzini koʻngilsiz xayollar panjasidan qutqarmoq uchun koʻzini ochganida xonimcha Zaynab boʻlib koʻrinib yana ingrab yubordi. Shu boʻyi yana koʻzlarini yumganicha, to uchoq qoʻngunicha ochmadi. Uchoqdan tushar mahalida ham xonimchaga qaramaslikka tirishdi. U oʻzini ham, koʻzlarini ham hamrohidan olib qochar, ammo aksiga olganday, xonimcha dam yonida, dam roʻparasida paydo boʻlib qolardi.

Xonimcha boshqalarni turtib-surtib boʻlsa-da, nazoratdan avvalroq oʻtdi. Shunda Manzura uning oʻynashini koʻrdi. Kamida oltmishni urib qoʻygan, kal, malla bashara semiz odamni koʻrib, «Oʻl-a, topganing shumidi?» deb qoʻydi.

3

Manzura kelinlikka nomzodlar ham kutgani chiqishsa kerak, deb faraz qilgan edi. Shu sababli sogʻintirgan oʻgʻillarini bir-bir bagʻriga bosib, xuddi goʻdagini erkalagani kabi suyib, oʻpayotganida nigohi koʻz yoshlarining xira pardasi orqali oʻsha qizlarni izladi. Manzura oʻgʻillarini qayta-qayta bagʻriga bosgani bilan sogʻinch sahrosida tashnalik azobida qiynalgan koʻngli qoniqmayotgan edi. Bu uchrashuv, bu koʻrishuv sahro yuziga uch-toʻrt yomgʻir tomchisi tushgani kabi edi. U farzandlarini birma-bir quchoqlashga qanoat qilmay qulochini keng yoydi-da, soʻng joʻjalarini ikki qanoti ostiga olib avaylaganday baravariga quchoqladi.

Koʻzlardan oqqan sogʻinch, baxtiyorlik yoshlari tinib, hayajon tafti sal bosilgach, ulardan ikki qadam narida oʻrta boʻyli, qorachadan kelgan tilla halli koʻzoynak taqqan odam yaqinlashib, qoʻlidagi bir dasta gulni Manzuraga uzatdi:
— Marhabo, xonim afandim, xush keldingiz, — dedi u Manzura uchun begona boʻlgan lutf bilan.
— Doktor Xudoyor ustozimiz boʻladilar, — dedi Samad, uni onasiga tanishtirib.
— Yodingizdadir, biz siz ila telefon orqali soʻzlashmak sharafiga muyassar boʻlgan edik. Bu tashrifingiz choʻx goʻzal boʻlmish. Choʻx minnatdorman, choʻx baxtiyor boʻlmisham, xonim afandim.

Manzura bunday iltifotga nima deb javob qaytarishni bilmay, bosh silkib qoʻya qoldi. Erida, xonadoni atrofidagilarda bunday lutf boʻlmagani sababli ham u javobga ojiz edi. Doktor Xudoyor uchun bu hol qorongʻu edi. Shu bois ayolning bosh silkib qoʻyishini uning hayajoniga yoʻydi.
— Abdusamad, inim, siz yuklar ila mashgʻul boʻling, biz bora turamiz, — dedi doktor Xudoyor.

Toʻngʻich oʻgʻliga «Samad» deb ism qoʻyib, shu yoshga qadar «Samadjon», deb erkalab chaqiruvchi onaga «Abdusamad» deyilishi ajab tuyuldi. U oʻgʻlining doktor Xudoyorga dastlab uchrab «Ismim Samad» deganida «As-Somad — Ollohning sifatlaridan biri, ya’nikim, butun maxluqotning ishini bitiruvchi, barcha hojatlarni soʻraydigan zot, demakdir. Siz bilan biz esa Ollohning qullarimiz. «Samad» desangiz Xudo boʻlib qolasiz. Ismni toʻgʻri talaffuz etmak joizdur. Siz «Samad» emas, «Abdusamad» siz», deb tanbeh eshitganini bilmas edi.

Manzura «qizlar kutgani chiqmadimi?» degan oʻyda atrofga bir alangladi. Uning fikrini anglamoq uchun doktor Xudoyorga shuning oʻzi kifoya qilib, kulimsiradi:
— Xonim afandim, uzr etmagingizni soʻrayman. Sizga peshvoz chiqmak uchun qizlarni-da taklif etmish edik. Ular tashrifingizdan sarfaroz esalar-da, bunga chiqmoqdan uyatdilar. Ularning choʻx goʻzal odoblari vordur. Ularni uzr etmak, duo qilmak joizdur, xonim afandim. Buyuring xonim, Abdulhamid, keching.

Bunday soʻzlarni eshitganida Asadbek qanday ajablangan boʻlsa, hozir Manzura ham shunday taajjublandi.

4

Bu shaharning boshqa yerlarga nisbatan orastaligi bilan ajralib turishini har qanday odam yoʻl-yoʻlakay bilib oladi. Mashinaning orqa oʻrindigʻida, ikki oʻgʻlini ikki qanoti ostiga olib borayotgan Manzura atrofga suqlanib boqmasa-da, buni sezdi. Gʻildiraklarning doʻqillamay, mashinaning chayqalmay, sakratmay ohista suzishini, odamlarning yoʻl chetlarida tartib bilan yurishlarini, ozodalikni bir necha daqiqalik safar chogʻidayoq sezish mumkin edi.

Oldingi oʻrindiqda oʻtirgan doktor Xudoyor shahar oralab yurishayotganda orqasiga oʻgirildi:
— Xonim afandim, biz-da olmonlarning shul kentinda musofirlik ichinda istiqomat etmakdamiz. Qarang, kent choʻx goʻzaldir. Sizlar bularni nima deb ataysizlar? — doktor Xudoyor kulimsiradi. — Chiriyotgan kapitalizmmi? Qarang, qanday chirimakda!

Manzura bu kabi siyosatdan behad uzoq boʻlsa-da, radiodan aytiluvchi shunga oʻxshash gaplar qulogʻiga kirib turardi-yu, ammo mulohaza qilib, fahm etishga urinmas edi. Doktor Xudoyorning hozirgi kinoyasiga ham tushunmagani sababli javob oʻrniga yengilgina jilmayib qoʻya qoldi. Bu jilmayish doktor Xudoyorga ilhom berib, shaharni maqtayverdi. Ayrim binolarning tarixini ham bayon qilishni unutmadi.

Bir soatlardan soʻng baland binolar safi siyraklasha boshladi. Ana shunda doktor Xudoyor izoh berdi:
— Xonim afandim, Muzaffarxon Margʻiloniy janoblari sizni kent hududidan tashqaridagi villada kutmakdalar.

Villa deganlari gʻoyatda ozoda bogʻ, uch qavatli imorat, marmar hovuzdan iborat edi. Villa odam boʻyi keladigan panjara bilan oʻralgan, bu qoʻriqlash maqsadida oʻrnatilgan devor emas, balki koʻcha hamda qoʻshni villadan chegaralab turuvchi ramziy toʻsiq edi. Manzurani Muzaffarxon ahli ayoli Guluzor begim bilan peshayvonda kutib olishdi. Ichkarida, shoxona bezatilgan keng xonada oʻndan ziyod erkagu ayol — Olmoniyada istiqomat qiluvchi oʻzbeklarning yuqori tabaqa vakillari mehmon kutish bahonasida toʻplangan edilar.

Sohib bayt lutf qilib, ularni bir-bir tanishtirdi. Erkaklar yengil ta’zim hamda jilmayish bilan mehmonni sharaflashdi. Ayollar oʻzlarigagina xos boʻlgan qiziquvchanlik, ziyraklik bilan Manzuraning kiyimiga, barmoqlaridagi uzuklarga, boʻynidagi dur-marjonga qarab olganlaridan keyin jilmaygan holda qoʻl uzatdilar. Bunday marosim, bunday tanishuvni endi koʻrib turgan Manzura qanday harakat qilishni, nima deyishni bilmay xijolat boʻldi, oʻzini noqulay his etdi. Doktor Xudoyor buni sezib, tanishtiruv chogʻida gap qoʻshib, hazillashib, kulgu uygʻotib, noqulay vaziyatni chekintirishga harakat qildi.

Manzurani ayni choqda qimtinishga majbur etayotgan yana ikki omil mavjud edi. Biri — uyning hashami boʻlsa, ikkinchisi — oʻzining libosi edi. Garchi erining davlati bularnikidan kam boʻlmasa-da, uylari bu darajada emasdi. Bunday uylarda yashab oʻrgangan odamlar Asadbeknikiga borishsa ajablanishlari turgan gap edi. Eri bu qadar hashamni yoqtirmasmidi, yo dangʻillama uy solishdan qoʻrqarmidi, Manzura buni bilmaydi. Oʻzi esa hech mahal bunga qiziqmagan.

«Qizlar bizning uyimizni nazarga ilisharmikin?»

Ostona hatlab ichkari kirgan Manzuraning xayoliga kelgan dastlabki fikr shu boʻldi.

Dunyodagi barcha ayollarda boʻlganidek, Manzurada ham libosga qarab qoʻyish odati bor edi. U bir qarashning oʻzidayoq, mezbonlar libosining shohona ekanini bildi. Ularnikiga nisbatan oʻziniki gʻaribgina tuyuldi. Agar qimmatbaho bezaklari boʻlmasa, uni shu uy xizmatkorlari qatoriga qoʻyish mumkin edi.

Tanishuv soʻngida ular chekkaroqda iymanib turgan ikki qizga yaqinlashdilar.
— Mening qorongʻu osmonimni yoritib turuvchi ikki yulduzim — biri Choʻlponoy, biri Mushtariy, — dedi Muzaffarxon faxr bilan.

Qizlar koʻzlarini yerdan uzmay, baravariga salom berdilar. Manzura alik olgach, doktor Xudoyor soʻz qotdi:
— Inshoollohkim, bu yulduzlar sizning osmoningizda ham nur sochajak!

Qizlar uyalishib, oʻgirildilar-da, zina tomon yurdilar. Soʻng ildamlik bilan yuqoriga koʻtarildilar.

Ularni koʻrgan zahoti Manzuraning yuragi jiz etdi. Qizlar bagʻoyat goʻzal, istarali edilar. Balki hazrat Navoiy «Ruxsorida lomai malohat, guftorida nash'ai fasohat» deb bitik bitganlarida shunday goʻzallarni nazarda tutdilarmi, Xudo biladi. Manzura hozircha ularning ruxsorigagina bandi boʻldi, hali soʻzlarini eshitgach, shunday qizlarni oʻgʻillariga nasib etgani uchun Yaratganga shukrlar qilishi tayin.

Manzura barcha bilan bir sidra tanishib chiqqach, Guluzor begim iltifot qildi:
— Azizlarim, Manzuraxon begim ila meni ma’zur tutgaysizlar, sizlarni bir necha daqiqaga tark etajakmiz.

Manzura mezbonga ergashib, avval shinam dahlizga chiqdi, soʻng moʻ'jaz mehmonxonaga kirdi.
— Bunda orom olmogʻingiz mumkin, Manzuraxon begim. Chantalaringiz bu yerda. — Mezbon shunday deb, yon eshikni ochdi. Manzura bir kishilik yotoqxonani, karavot yonida turgan jomadonini koʻrib, «chanta» nima ekanini fahmladi.
— Siz tashrifingiz ila barchalarimizni gʻoyatda sarfaroz ayladingiz, begim, biz bunda ota yurtdan kelgan har bir vatandoshlarimizning nafasiga mushtoq yashayurmiz. Shul bois vatandoshlar tashrifingizga peshvoz yigʻildilar. Siz hordiq chiqaring, men picha fursat oʻtgach, huzuringizga qaytajakman.

Mezbon chiqqach, Manzura yumshoq kursiga omonatgina oʻtirdi. U uyning hashami, mezbonlarning takallufidan hayron, goʻyo begona yurtga, begona odamlarnikiga emas, balki begona dunyoga kelib qolganday edi. Toʻyu-ziyofatlarga borib «esonmisiz-omonmisiz...»dan boshlab, kerakli-keraksiz gaplar bilan vaqt oʻtkazishga, ketma-ket kiritiluvchi ovqatlarga, «oling opovsi, oling, ovsin» degan mehribonchiliklarga oʻrganib qolgan ayol uchun bu chindan ham oʻzga dunyo edi. Shu sababli Manzura yoʻldagi holatini, qizi tashvishidagi xayollarini, oʻgʻillarini bagʻriga bosgan chogʻdagi mas'udlikni bir zum unutib, oʻzini qanday tutmoqligi lozimligini oʻyladi. Guluzor begimning bu xonaga boshlab kirishidan maqsadi yuvinib, kiyimlarini almashtirib olish uchun sharoit yaratmoq ekanini fahmlab, oʻrnidan turdi. Shunda yotoqxona yonidagi eshikning qiya ochiq turganiga, bu yerning yuvinish xonasi ekaniga e’tibor berdi.

Manzura yuvinib, taranib boʻlgach, mezbonni yana oʻn daqiqa kutdi. Soʻng Guluzor begimga ergashib, tanishuv marosimi boʻlib oʻtgan katta xonaga qaytdi. Davra qurib oʻtirganlar Manzuraning tashrifini jilmayib, bosh irgʻab qoʻyish bilan sharaflashdi. Davra toʻrida, ikki oʻgʻil oʻrtasida ikki joy boʻsh edi. Manzura bilan Guluzor begim oʻtirishlari hamon xizmatchi kelib qahva tutdi.

Manzura kirganda uzilgan suhbat, qahvadan bir hoʻplagan onda davom qildi. Doktor Xudoyorning yonida oʻtirgan ozgʻin odam ham qahva hoʻplab olib, fikrining davomini izhor etdi:
— Men jannatmakon Shermuhammadbekning butun boʻy-bastlari ila aks etgan haykalni-da borib koʻrmakni ixtiyor etdim. Axir men Shermuhammadbek hali holi-hayot ekanliklarida bir necha bora suhbatlaridan bahramand boʻlmak sharafiga yetushganman. Men lol qoldimki, aynan oʻzlariga oʻxshabdi. Yana lol qoldimki haykalni oʻrnatmakka yurt ogʻalarida ragʻbat yoʻqtur.

Guluzor begim Manzuraga qarab, past ovozda: «Sa’dulloxon Vatanga borib qaytib edilar. Taassurotlarini aytmakni ixtiyor etiyurlar», deb izoh berdi.

Sa’dulloxon deganlari taassurotini intihosiga yetkazmay, doktor Xudoyor e’tiroz bildirdi:
— Azizim, agarchi menda-da hukm boʻlgan chogʻinda ham haykalni oʻrnatishga izn bermas edim.

Fikrining qabul qilinishiga ishongan Sa’dulloxon bu qadar keskin e’tirozni kutmagani uchun ajablandi:
— Nima uchun? — dedi u norozi ohangda.
— Buning bir necha sabablari vordur: ilk sabab shulkim, haykal oʻrnatmaklik — Islomga tamomila yotdur. Butparast mushriklarning yoʻlidur. Islomdan narida soʻzlamak istasak, Shermuhammadbek bundayin sharafga noloyiq shaxsdir.
— Ajab! Ajab! — deb yubordi Sa’dulloxon. — Shermuhammadbekning kimligini bilurmisiz oʻzingiz?
— Biliyurman, azizim, — dedi Xudoyor, xotirjam ohangiga xiyonat qilmay. — U muhtaram zotning ma’lum harakatlari uchun hurmatimni izhor etganim holda deyurmanki, siz aytgan sharafga loyiq emasdurlar. Ya’nikim, Madaminbekni shahid qilmoqda ishtiroklari boʻlganini kechirmoq aslo mumkinmasdir.
— Agar Madaminbek xoinlik koʻchasiga kirgan boʻlsalar-chi?
— Sa’dulloxon, azizim, qalbimdasiz. Siz bilan bu xususinda avval ham bahslashib edik. Madaminbekning shoʻrolar bilan bitimidan asl maqsadi siz bilan bizga qorongʻu boʻlgani sababli ajrim qilmoqqa huquqimiz yoʻqtur. Siz bilan men bu xususinda bir bitimga kela olmaganimiz bois, bahsni yangilamaylik. Fikrimning davomi shuki, Shermuhammadbek amiralmusliminni shahid etib qochganidan soʻng...
— Qochganlari yoʻq, hijrat qildilar. Hijrat qilmoqlik esa sunnatdir. Yoinki janobi Rasulillohning hijratlarini-da inkor etajakmisiz?

Bu savol doktor Xudoyorga yoqmagani uchun zaharli jilmayib qoʻydi. Ammo gapidagi bosiqlik ohangini yoʻqotmadi:
— Azizim, siz meni bir toqqa, bir boqqa boshlamakdasiz. Paygʻambar afandimiz, sallollohu alayhi vasallam, hijratlari bilan Shermuhammadbekning qochoqliklarini tenglashtirmoqning oʻziyoq gunoh sanalur.

Siz muhtaram afandimga eslatmagim joizdurki, paygʻambar afandimiz hijrat qilganlaridan soʻngra ulugʻ gʻazotning rahbari boʻldilar. Shermuhammadbek esa, — doktor Xudoyor yana jilmaydi, — mayli, siz aytganingizcha boʻla qolsin, «hijrat qilganlaridan» soʻngra tan oromidan oʻzga narsani bildilarmi? Oʻzlarini amiralmuslimin, deganlari holda nechun jihodni davom ettirmadilar?

Sa’dulloxon javobga ogʻiz juftlagan chogʻda uy egasi Muzaffarxon gapga aralashib, bahsni yumshatmoqchi boʻldi:
— Doktor Xudoyorning qarichlari uzunroq, — dedi u kulimsirab, — oʻlchovni hamisha baland olvoradilar. Rosmana oʻlchov bilan qarasak, Madaminbekning ham, Shermuhammadbekning ham omi odamlardan boʻlganliklarini unutmasligimiz durustdir.

Ularda harbiy ilm bormi edi? Shermuhammadbek miltiq otishni Madaminbekdan oʻrganib edimi? Ular qoʻllariga ilk marta miltiq oliboq kim bilan olishdilar, eslang! Jahon muhoribasinda chiniqqan oʻrus askarlari bilan jang qildilar-ku?! Ular to oʻsha kunlarga qadar siyosat nima ekanini bilarmi edilar? Yoʻq, azizlarim, bilmas edilar. Harbiy ilmdan uzoq, siyosatning aldovdan iborat bir narsa ekanini bilmagan holda jang qildilar. Ha, ularda na harbiy, na siyosiy ilm bor edi. Ammo u ulugʻ zotlarning muborak qalblarida Vatanni sevmak tuygʻusi bor edi. Biz, azizlarim, ana shu tuygʻuni sharaflamagimiz shartdur.
— Afandim, — dedi doktor Xudoyor, uning soʻzini boʻlib, — buni men-da durust anglayurman. Biroq, Shermuhammadbek jihodni davom ettirmagi mumkin boʻlmagan ekan, Vatanda dushman qoʻlidan oʻlim topmogʻi sharafliroq emasmi edi?
— Ajab! Ajab! — deb yubordi Sa’dulloxon, ovozini bir oz balandlatib. — Sizning bu gaplaringiz menga Vatandagi bir shoʻroparastning soʻzlarini eslatdi.
— Sabr etmakni ixtiyor qiling, afandim. Mening-da soʻzim hali intihosiga yetkani yoʻqtur. Siz-da, afandim, hijratni tilga oldingiz, ammo ulugʻ Badr muhoribasini xayolingizdan parishon qildingiz. Anglayurmanki, ulugʻ Badr muhoribasinda shahid boʻlganlar sharafiga yetmak mushkul bir vazifadur. Ammo ming toʻqqiz yuz oʻn toʻrt sanasinda Chanoq qal'asindagi muhoribani anglayurmisiz?

Bir qal'ada toʻrt yuz ellik ming shahid! Uch yuz ellik mingi talabalar! Anglayurmisiz buni?! «Kimi hindu, kimi yam-yam, kimi bilmam ne balo...» Ular-da shahid boʻldilar, ammo Turkiya magʻlub etilmadi. Afandim, anglamak joizki, Vatan bir bogʻdur. Bu bogʻni inson qoni ila sugʻarmak lozimdur. Afandim, men sizga bu xususinda boshqa soʻz aytmasman. Shoʻroparastlar soʻzlarini siz ayting.

Toʻplanganlar oʻsha shoʻroparastning gapi nima ekan, degan ma’noda kutdilar. Sa’dulloxon hozirgi gaplarga ham munosabatini ayon qilmoqchi edi, biroq doktor Xudoyorning «men sizga bu xususinda boshqa soʻz aytmasman», deb qoʻyishi hamda toʻplanganlarning tikilib qolishlari uning shashtini qaytardi.
— U zoti past aytdiki, — dedi u bir oz oʻngʻaysiz ahvolda, — it qorni toʻygan yerda, odam esa Vatanda yasharmish.

Dastlab eshitilganda qoʻpol tuyulgan bu maqol oʻtirganlar etini bir sidra zirillatdi. Bu holatni sezgan Sa’dulloxon mazkur bahsda mutlaq gʻolib boʻldim, degan qarorga kelib, atrofidagilarga magʻrur nazar tashladi. Ammo uning gʻoliblik supasini egallashi bir necha soniyalik edi. Doktor Xudoyor osonlik bilan magʻlub boʻluvchi toifadan emas edi. U ham oʻtirganlarga bir qur nazar tashlab olgach, «boshqa soʻz aytmasman» degan va’dasiga xiyonat qilgani holda javob berdi:
— Gumrah ulus ichra oʻzin qotti, axiy,

Dunyoga birovki dunyoni sotti, axiy...

Hazrat Navoiyga bir soʻz qoʻshmakka hojat yoʻqtur. Sa’dulloxon, sharafli afandim, qalbimdasiz, siz meni bir muhoriba maydonidan boshqasiga yetaklab oʻtmakni ixtiyor ettingiz. Shoʻroparastning gapi boshqa, biz aytayotgan dard oʻzgadir, Shoʻroparast sizga qozoq birodarlarimizning bir maqolini aytibdi. Buni kamina ham eshitgani bor. Siz shoʻroparast bizlarni itga qiyos etmakdadir, deb gʻazab otiga miniyursiz. Mening anglamogʻim boʻyicha, maqsad maqolning ikkinchi boʻlagida. Har bir insonni Vatanda yashamakka da’vat etmakdir.
— Vatanda boʻlmak?! — Sa’dulloxon chekinishni istamadi. — Otam menga Vatanni qoldirdimi?
— Otam menga Vatanni qoldirdimi? — deb qaytardi u. — Yoʻq, otam menga Vatan sogʻinchini meros qoldirdi. Shoʻroparastlar buni anglamaslar! Ularda nainki sogʻinch, ularda Vatan tuygʻusi yoʻqtur. Buni men angladim! Ular soʻqir! Shoʻro yetagida qayga borajaklarini bilmaslar!
— Siz ularni bunda ayblarsiz, ular bizlarni unda ayblarlar. Kun shu tarzda oʻtaverar. Vatan esa kundan-kun botqoqqa botaverar. Afandim, agarchi ular sizni, siz tufayli bizlarni ayblar boʻlsalar, haqlidurlar. Chunki biz bunda Vatan uchun biron nima qilmakdan ojizdurmiz.
— Biz nimalar qilaylikki, yoʻllar toʻsiq boʻlsa. Yoʻllar ochilsa edi, men Vatanning besh yerida besh ulugʻ magʻoza ochsam, Lutfullaxon yana necha yerinda supermarket ochsalar...
— Oʻh-hoʻ!.. — doktor Xudoyor baralla kulib yubordi.— Afandim, afandim, siz oʻn emas, oʻn ming doʻkon quring, Vatanga nafi ozdir. Magʻozalar qurgʻuvchi tujjorlar Vatanda ham bisyordir. Siz Vatanga ilm olib boring. Vatanning qaddini koʻtarguvchi birinchi vosita — ozodlik, ikkinchisi esa ilmdur. Dunyo yurtlariga bir qarang-chi, ular magʻozalari ila baquvvatlarmi yoinki ilm ilami? Siz bilan biz yashab turgan Olmoniyani urushdan soʻnggi xaroblikdan bu darajaga ilm koʻtarmadimi? Siz bilan bizning aybimiz shuki, Vatan yoʻllari ochilsin, Vatan ozod boʻlsin, deb bunda orzu qilib kutib oʻtirmakdamiz. Shoʻrolarning hukmidagi Ovrupo jumhuriyatlarining xorijdagi biz kabi muhojirlari esa vaqtli hukumat tuzib, oʻz Vatanlarini ozod qilish qasdida kurashmakdalar. Nima uchun siz bilan biz kurashmaymiz? Chunki bizlar — siz mehr qoʻygan Shermuhammadbekning avlodlarimiz. Na-da Shermuhammadbek kurashdi, na-da amir Said Olimxon kurashdi, na-da biz kurashyapmiz. Sizni bilmadim, sharafli afandim, ammo men Vatan qarshisida uyatlidurman.
— Siz andak yanglish gap aytdingiz, janob Xudoyor. Bizning jamiyatimizni nazarga ilmaganingiz chakki. Biz ham Vatan uchun qaygʻurmakdamiz.
— Qaygʻurmak durust, ammo kurashmak lozim. Vatandan kelgan ashulalarni eshitib, «oʻyna yor, oʻyna!» deb oʻtirmakdan naf yoʻqtur. Agar mening soʻzlarim malol tuyulsa, ana, vatandoshimiz muhtarama xonim afandim aytsinlar...

Manzuraning kutilmagan tarzda suhbatga chorlanishi faqat uning oʻzinigina emas, oʻgʻillarini ham shoshirib qoʻydi. Ikkovi baravariga najot istab, Guluzor begimga qaradilar. Guluzor begim bu qarashning ma’nosini uqib, jilmaygani holda doktor Xudoyorga murojaat qildi:
— Muhtaram doktor janoblari, bizlarga dasturxon muntazirdir. Bahs nonushtadan soʻng davom etmagi durustmikin?

Bu luqma choʻkayotgan odamni kemaga chiqarib olish savobi darajasiga yetishdi. Doktor Xudoyorning murojaati ham sogʻinch, ham xavotir dengizida choʻkish azobini tortayotgan ayolni yanada ogʻirroq ahvolga solgan edi. Avvaliga Manzura ularning suhbatlariga unchalik ahamiyat bermadi.

Aniqroq aytilsa, bahsning sababini anglamadi. Mashoyixlar bedardning oldida boshimni ogʻritma, deganlaricha bor. Asosan oila tashvishlari bilan yashovchi ayolning bu odamlar qalbidagi dardni his qilishi mumkin ham emas edi. Qoʻqonda Sobitxon Asadbekni yoʻqlab, unda Vatan himoyachisini koʻrishni istab yanglishgani kabi, bu izdihomdagilar ham Vatan xususidagi gaplarimiz vatandoshni befarq qoldirmas, deb adashdilar. Toʻplangan mezbonlarning qalblari Vatan, Vatan sogʻinchi dardi bilan, Manzuraning qalbi esa erining tashvishi, qizining sogʻinchi bilan tepardi. Qalblarning tepishi hamohang emas edi. Manzuraning suhbatga chorlanishi ana shu sirni oshkor etmogʻi mumkin edi. Guluzor begimning luqmasi uni bu noqulaylikdan ham qutqardi.

Doktor Xudoyor tanbehni anglab, oʻrnidan turdi-da, qulochlarini yoygan holda dedi:
— Oʻ, sharafli xonim afandim, qalbimdasiz, sizning soʻzlaringiz biz uchun amrdir. Nonushtadan soʻngra ham bahslashmakdan boʻyin tovlayajakman. Bahsda sharafli Sa’dulloxon afandimni yengib boʻlmas!

Doktor Xudoyorning keyingi gapida taslimga nisbatan kinoya ohangi zuhur edi. Toʻplanganlar bu gapdan «Sa’dulloxonga gapirish befoyda, baribir tushunmaydi», degan ma’noni uqishgan boʻlishsa-da, hech narsa anglamaganday kulimsirab qoʻydilar.

Shu onda yon tomondagi devor asta surildi. Manzura bu devorni oynavand javon deb oʻylagan edi. Devor surilgach, ular dasturxon tuzogʻliq xonaga oʻtdilar. Dasturxon ustida ortiqcha lutf, «oling, oling», degan qistashlar boʻlmadi. Manzura tortinib, qimtinib oʻtirgani uchun Guluzor begim lutf koʻrgazib ikki marta «marhamat qiling», dedi. Taomlanib boʻlganlar birin-sirin yon xonaga chiqa boshladilar. Manzura qarasaki, oʻgʻillari bilan yolgʻiz qoladigan. Shu bois oʻzi uchun fotiha oʻqib, oʻrnidan turdi-da, Abdulhamiddan astagina:
— Uyga telpon qilsa boʻladimi bu yerdan? — deb soʻradi.
— Hozirmi? — dedi Abdulhamid.
— Ha. Nimagadir koʻnglim gʻash, bolam.
— Uzoq yoʻl yurib keldingiz. Charchagansiz. Mehmonlar hademay ketishadi Xotirjam dam olasiz. Men hozir telefonga buyurtma berib qoʻyaman. Xavotirlanmang.

Abdulhamid aytganiday mehmonlar tez ketishmadi. Erkaklar hovlini aylanish bahonasida chiqdilar. Shundan soʻng ayollar gurungi boshlanib, faqat ayollarga xos masalalar muhokama qilindi. Bu izdihomning avvalgisidan farqi shunda ediki, bunda «tomonlar bir-birlarini toʻla anglagan holda, doʻstona suhbat qurdilar».

Mehmonlar ketishgach, sohib bayt ham shaharda yumushlari mavjudligini bahona qilib qaytdilar. Villa Manzura bilan oʻgʻillari ixtiyoriga topshirildi. Manzura oʻgʻillarini tergash imkoniga ega boʻlib, bu imkoniyatdan endi foydalanaman, deganida telefon jiringladi. Ayni shu onda Zaynabning uyida ham telefon jiringladi...

III bob

1

...Bir dengizchidan «Ahvol qanaqa?» deb soʻrashsa, «Kayfiyatlar a’lo, choʻkyapmiz», degan ekan...

Hamdam Tolipovning alam bilan aytgan bu gapi Zohidning yarador qalbini tirnab, azob berdi. Hamdam shu gapni aytmasa ham Zohid botqoqqa botayotganini sezib turardi. Dengizchi kayfiyatining a’lo boʻlishiga asos bor — har qalay, toza suv bagʻridan makon topadi. Ular-chi? Qoʻlansa botqoqdanmi? Nahot botqoqdan qutulishning iloji boʻlmasa? Zohid shu botqoqda chirimoq uchun ilmdan voz kechib shu yoʻlga kirganmidi? Choʻkayotgan odam «tirik qolarmikinman» degan umidda xasga ham tirmasharkan. Zohidning koʻziga ba’zan oʻsha xas ham koʻrinmay ketadi. Ana shunday holda u dono bir maslahatchiga muhtojlik sezadi. Unga kim dono maslahat bera oladi? Otasimi, onasimi? Dardini ularga aytsa, javoblari tayin: «Qoʻy oʻgʻlim, shu ishingni yigʻishtira qol, bu sohada kim baraka topibdiki, sen topsang...» Ularning eng dono maslahatlari shu. Yo ilmdagi ustozi Habib Sattorovich toʻgʻri yoʻl koʻrsatadimi? Uning aytadigan gapi: «Sen ilmga xiyonat qilding, endi xiyonatchi sifatida jazo topyapsan...» Balki Hamdam Tolipov qalb yarasiga malham qoʻyar? Uning maslahati ham aniq: «Shartta ushlash, shartta qamash, shartta otish kerak! Dasturxonchi xotinga oʻxshab hammaning koʻngliga qarab ish tutilsa, hech nimaga erishib boʻlmaydi...» Hamdam shunga oʻxshash maslahatini beradi-yu unga amal qilinmasa, bir-ikki soʻkib, qoʻl siltab qoʻya qoladi. Bu sohada Zohidga joʻyali maslahat bera oladigan odam — mayor Soliev.

Zohid Hamdamdan ilmoqli gap eshitib, qalb yarasi tatalangach, oʻzining yogʻiga oʻzi qovrilib yurdi. Xayolning ming bir koʻchasiga tentirab kirib, dovdirab chiqdi. Oxiri mayor Solievni topib, dardini aytdi. Bu sohada turli nayranglarga duch kelaverib pishib ketgan mayor shogirdining gaplarini diqqat bilan eshitib, sukutga toldi.

Zohid «bu sukut fikrlarimning tasdigʻi alomati» degan xayolga borib, tasdiqni til bilan ifoda etilishini, ya’ni «Toʻgʻri, ularga ishonma, barchasi nayrangboz, tovlamachi», deyilishini kutib, yonmoqqa, yonmoq nima ekan, portlamoqqa tayyor edi. Picha fursat oʻtgach, yonmasligi ham, portlamasligi ham ayon boʻldi — mayor u kutmagan gapni aytdi:
— Xulosa chiqarishga shoshilma, — dedi u vazmin ohangda. — Balki yuqoridagilar bir narsani oʻylashgandir. Sen bilan biz bir qoʻrgʻonga duch kelganmiz, uni egallashga qurbimiz yetmaydi. Alam qiladigan yeri shuki, bu qoʻrgʻonni koʻz oldimizda tiklashdi. Ayrim birodarlarimiz ularga dastyorlik qilib, «Mana bu yerini mustahkamroq qiling», deb maslahat berishgani uchun ham bizning bu qoʻrgʻonga hujumimiz betonga kesak otgan bilan barobar boʻladi. Bu qoʻrgʻonni olish uchun moʻljalga aniq uruvchi zambaraklar kerak. Bizga oʻxshagan piyodalar ishni buzishi mumkin. Balki qoʻrgʻonlarining mutlaq bexavotir ekaniga toʻla ishonishlari uchun ularga sharoit yaratib berishmoqchidir. Agar ularda shunday ishonch qat'iylashsa, ziyrakliklari susayar, qoʻrgʻonni bir hamla bilan olish imkoni yaralar?..
— Oʻh-hoʻ... — dedi Zohid, hafsalasi pir boʻlib. — Gapga ham toʻn kiydirvordingiz. Siz aytganday arqon uzun tashlansa, ular qoʻrgʻonlarini shunday mustahkamlab oladilarki, keyin oʻnta atom bomba tashlab ham tinchita olmaysiz.
— Atom bomba ta’sir qilmasa, vodorod bomba bor, neytron bomba bor, — dedi mayor Soliev hazil ohangida. Mayor kamdan-kam hollarda hazillashardi. Hozir shogirdini tutab turganini koʻrib, atayin gap maromini hazil ohangiga burgan, shu orqali tarang tortilgan asab torlarini sal yumshatmoqchi edi. Lekin uning bu makri ish bermadi.
— Maqsud aka, aytayotgan gaplaringizga oʻzingiz ham ishonmayapsiz. Mening oʻrnimda boʻlganingizda nima qilardingiz?
— He, joʻjaxoʻroz, — dedi Soliev, endi erkalash ohangida, — sening holingga men koʻp martabalab tushganman.
— Har safar shunaqa chekinganmisiz?
— Chekinmaganman, sabr qilganman. Chekinish boshqa, sabr boshqa. «Sabrliga togʻlar egar boshini», degan maqolni eshitmaganmisan?

Zohid mayorni tushunmadi. Hamisha adolat uchun kurashib kelgan odamning bu gaplari sabr emas, chekinishdan dalolat edi. Odam suyanib, panoh topishni moʻljal qilgan qoya tosh emas, nurab, yiqilay deb turgan paxsa devor ekani ma’lum boʻlgach, qanday holga tushadi, tasavvur qilib koʻring-a?

? Zohid shu holga tushib, yanglishgan edi. Chunki Soliev vazirlikka chaqirilganini, Asadbekka aloqador ishlarga aralashmay turish haqida topshiriq olganini unga aytmadi. Soliev dastlab sukut saqlaganida shu topshiriqni oʻylagan edi. Ikki yuqori idoradan bir xilda topshiriq boʻldimi, bu demak, masala Asadbeklar foydasiga hal etilish jarayonida emas. Yuqoridagilar qandaydir rejani pishitishgan. Ishga halal bermaslikni soʻrashdimi, demak, bajarish shart! Solievga ham «Vaqti kelganda bu ishga sizni jalb etamiz», deyishdi. Demak, sabrdan oʻzga yoʻl yoʻq. Agar Zohidga oʻxshab «beton devorga kesak otaveraman», desa, iste’foga chiqishni taklif etishlari turgan gap.

Soliev shogirdiga yana nasihatlar qilib, uning popugini bir oz pasaytirmoqchi boʻldi. Lekin qalb yarasiga malham qoʻya olmadi. Malhamni ikki kundan keyin yana oʻsha hamkasb yigit — Said Qodirov qoʻydi.

Zohid oxirgi uchrashuvdan soʻng endi uni anchagacha koʻrmasam kerak, deb oʻylagan edi, barvaqt yoʻqlanishi uning uchun kutilmagan hol boʻldi. Shu sababli ajablanganicha uning huzuriga yoʻl oldi.

Said Qodirov uni xush kayfiyat bilan qarshiladi.
— Ishlar qalay? — deb soʻradi u, Zohidni oʻtirishga taklif etgach.
— Ishlar yomon emas, — dedi Zohid, soʻng Hamdamning kesatiq gapini qistirib qoʻydi: — Choʻkyapmiz!
— Choʻkyapmiz, deng? Qiziq masala... Kimdir choʻksa suv aybdormi yo suzishni bilmagan odamning oʻzimi?
— Botqoqqa choʻkish uchun suzishni bilishning hech bir ahamiyati yoʻq.
— Botqoqqa deng?.. Eski plastinkani aylantirishni yaxshi koʻrar ekansiz. Bitta ashulani eshitaverish joningizga tegmaydimi?
— Agar haqiqat ashulasi boʻlsa...

Said Qodirov uning gapini betakalluf tarzda uzdi:
— Sunnatullaev ishini yoping, deb buyruq berishdimi?

Zohid fikri boʻlinganidan gʻashlansa-da, sir boy bermay javob qaytardi:
— Buyruq emas, maslahat berishdi.
— Siz-chi?
— Men oʻylab koʻraman, dedim.
— Keskin tarzda rad javobi berib, soʻng bizga raport yozishingiz kerak edi.
— Sabab?

Said Qodirov javob oʻrniga savol nazari bilan tikildi. Zohid bu qarashdan «Shunga ham fahming yetmadimi?» degan savolni uqdi. «Men raport yozaman, bular esa rad etishadi. Soʻngra Sunnatullaev ishi batamom toʻxtatiladi. Ishning yopilishidan bularning ham manfaatdor ekanliklari ayon boʻladi. Kimga ayon boʻladi? Asadbekkami? Shaxmat oʻyinidagi piyodaning arzimas, hech narsani hal qilmaydigan yurishi-ku, bu? Shunaqa past yurishlar bilan oʻyinni yutishmoqchimi?»
— Xoʻp, yaxshi, — dedi Said Qodirov qat'iyroq ohangda. — Ular sizga yana aytishadi. Ungacha mana bu bilan tanishib chiqing. — U shunday deb qogʻozlar bogʻlamini uzatdi. Zohid birinchi sahifaga koʻz yugurtirdi: Jamshid Sunnatullaevning jinoiy ishi. Zohid bu «Ish» bilan yuzaki tanish, jiddiyroq shugʻullanishga hali fursati yetmagan edi. Bu «Ish»ning Said Qodirov qoʻliga tushib qolganidan ajablanib, unga qaradi:
— Bir qiziqib koʻring, foydasi tegib qoladi. Uning oʻlganiga ishonmayapsiz-ku, demak, yana uchrashib qolishingiz mumkin. Qogʻozlarni menga erta-indin qaytarasiz.
— Hoziroq qaytarishim mumkin. «Ish» bilan tanishib, kerakli joylarini yozib olganman.
— Yozib olgan boʻlsangiz ham yana bir marta oʻqib chiqsangiz zarar boʻlmas, — Said Qodirov shunday dedi-da, stoli tortmasidan qahva chiqarib ikki piyolaga bir qoshiqdan qahva kukuni soldi. Soʻngra qaynatgichni choynak ogʻzidan oldi.
— Qand solasizmi? — U savoliga javob kutmay piyolalarga bir chaqmoqdan qand solib, ustiga qaynoq suv quydi. — Menga ustozim «Choʻkmaslik yoʻlini izlasang, qahva ich, qahva aqlni peshlaydi», degan.

Said Qodirovning yengil hazilini javobsiz qoldirmaslik uchun Zohid qahvadan bir hoʻplab, dedi:
— Ustozingiz bir narsaning hisob-kitobini qilmabdilar. Bu hayot dengizida choʻkayotganlar koʻp. Hammaga qahva yetkazib boʻlarmikin?

Said Qodirov jilmayib qoʻyib:
— Mabodo sizning muchalingiz chumak ari emasmi? — dedi.

Qahva ichilayotgan damda ular orasidagi rasmiyatchilik devori chekinganday boʻldi. Zohid bu odamni dastlab koʻrganida gʻashlangan edi. Hozir Qodirovning gap ohangidagi samimiylikmi yo chindan qahva ta’sir etdimi, bosib turgan oʻsha gʻashlik tutuni koʻtarila boshladi.
— Zohid, siz hech ilm bilan shugʻullanishga harakat qilganmisiz?

Suhbat mavzuining toʻsatdan bu mavzuga koʻchishi Zohidni ajablantirdi. «Oʻtmishimni bilib soʻrayaptimi yo boshqa bir narsani aytish niyati bormi?» deb oʻylab, mujmalroq javob qaytardi:
— Sal-pal... harakat boʻlgan.
— Bizning ishimizda oʻsha «sal-pal»i chatoq. Ilmga «sal-pal» qiziqqanimiz uchun ham choʻkamiz. Mana, bizning ishimiz nima oʻzi? Jinoyatni ochish, jinoyatchini fosh qilish... hokazo, hokazo... Men esam «bizning ishimiz ilmning aynan oʻzi!» deyman. Bu ishga ilm nuqtai nazaridan qaramaganimiz uchun ham choʻkamiz.

Siz ranjimang, kinoya qilayotganim yoʻq. Choʻkayotganimiz aniq. Men sizga bekor qiziqib qolmadim. Sizda ilmiy tahlilga intilishni koʻrdim. Mana, kechagi xabar: Rusiyada bir manyakni ushlashibdi. Oʻn yettita xotinni zoʻrlab, oʻldirgan. Bu xabar yuzaki qaraganda men uchun ahamiyatli emas. Lekin ikki yil ichida oʻn yetti xotinning qotili izlangan. Uchtasi hatto «topilgan». Ahmoqlikni qarangki, bitta xotinning erini qotil deb gumon qilib, otishga hukm qilishgan, bolalarini yetimxonaga joylashgan. Agar u ahmoqlar ilmga asoslanib ish yuritishganda shunday boʻlarmidi?
— Bizda ahmoqlar yoʻq deysizmi?
— Ha, qoyilman. Hamma gap shunda. Shuning uchun Sunnatullaevning eski «Ish»ini bir koʻring dedim. Mening fikrimcha, har bir jinoiy ishning ochilishi — ilmiy ish. Menga qolsa, Sunnatullaevning ishini ochsangiz, shartta «huquqshunoslik fanlari nomzodi» yoki «doʻktoʻri» unvonini berib yuborardim.
— Rahmat, xuddi unvonni olganday boʻldim, — dedi Zohid kulimsirab.
— Endi ishimizga taalluqli bir savol: Asadbekka oʻxshaganlar, jinoiy guruhlar nima uchun taltayib ketishdi? Ular oldin pastki qobiqda pisib yurishardi. It qutursa egasini qopadi, deyisharmidi? Ularni nima quturtirdi?
— Buning sabablari koʻp. Jamiyatning tomir urishiga qarab, sabablarni axtarish kerak.
— Siz bir axtaring. Ungacha mening javobimni eshitib koʻring. Jamiyatning kasalini eslaganingiz yaxshi. Asadbeklar paytdan foydalanishdi.

Oshqovoq Gdlyan tepa tomonni sur-sur qilayotganida bular bilan hech kimning ishi boʻlmay qoldimi? Kadrlar masalasi koʻtarildimi? Koʻp joylar boʻshadimi? Bular oʻsha joylarga oʻzlariga sodiq odamlarini tiqishtira boshlashdimi? Oʻrtada pul degan nozanin oʻynadimi? Bu nozanin bir karashmasi bilan necha jonlarni behalavot qilarkin? Bular hali ham oʻsha-oʻsha zamon deb oʻylashyapti. Hali ham aytganlarini qonun deb ishonishadi. Bir jihatdan shunday deb oʻylashlari ham durust. Ilm deganim — rentgenday gap. Biz ularning oʻpka-jigarlarigacha koʻrib turishimiz shart. Boʻlmasa kasalning ildizini topa olmaymiz... Ustozim toʻgʻri aytgan ekanlarmi, qahva aqlni peshlarkanmi? Yana bittadan ichamizmi?

Zohid piyolani chetga surib, iltifoti uchun Said Qodirovga rahmat aytdi-da, ketishga ijozat soʻradi. U ostona hatlab xonaga kirishida ezgin kayfiyatda edi, chiqishda boshqa holda boʻldi. «Gapi boshqa, ishi boshqalarga oʻxshamaydi», deb oʻziga-oʻzi taskin berdi.

2

Jamshid Sunnatullaevning avvalgi jinoiy ishini oʻrganishni Zohid e’tiborga molik masala deb hisoblagan boʻlsa-da, bu vazifani bajarishni keyinroqqa qoʻygan edi. Said Qodirovning huzuridan chiqqach, Jamshid oʻsmirlik chogʻida ishlagan idoraga qarab yurdi. U «Ish» bilan dastlab tanishgan chogʻida pala-partishlikni, da’vogar qizning tergovdagi gaplari bilan sudda aytganlari orasida mantiqiy bogʻlanish buzilganini aniqlagan boʻlsa-da, hali unda «Sunnatullaev tuhmat bilan qamalgan ekan-da?» degan fikr uygʻonmagan edi. Hozir borishidan maqsadi ham tuhmatni fosh etish emas, balki Sunnatullaevning «Ish»iga aniqlik kiritish, Asadbekning toʻdasiga qanday kirib qolganini bilishga intilish edi.

U Jalol Komilovning shaxsini oz boʻlsa-da, aniqlashtirdi. Jinoyatchilar koʻchasiga qanday kirganini taxmin qila oldi. Eng muhimi — osilgan odamning Jalol Komilov ekani aniq. Hamdam hatto uning laqabini ham aniqlashtirib berdi — Shilimshiq. Zohid buni eshitishi bilan «Shilimshiq boʻlsa, oʻladigan odam ekan-da», deb ham qoʻydi.

Jamshidning «Ish»i hiyla murakkab, chunki «oʻldi» degan fikr bilan koʻmilsa-da, aslida tirik boʻlishi haqiqatga yaqinroq. Komilov bilan Sunnatullaevning bir jihati oʻxshash — ikkoviga ham aza ochilmadi. «Voy, jigare-em!» deydigan odam topilmadi. Axir qarindosh-urugʻlari bor-ku, ular nima uchun jim? Ular yigitlarning nima ish bilan shugʻullanishganini bilishganmi, bilganlari uchun «Oʻlgani yaxshi boʻlibdi», deb qoʻya qolishganmi? Yo qoʻrqishganmi? Kimdan qoʻrqishadi?

Kuzning bir oz izgʻirinli, ammo yoqimli shabadasi esib turgan xiyobondan yurib borayotgan Zohid bu haqda avval ham oʻylagan, avval ham «Kimdan qoʻrqishadi?» degan savol devoriga boshini urib, toʻxtagan edi. U bir narsani idrok qila olmayotgan edi: Komilov ham, Sunnatullaev ham Asadbekning odamlari. Bir xilda oʻldirildi. Bunday holda Asadbek indamay ketaveradigan latta odammi? «Oʻzi oʻldirtirgan boʻlsa-chi?» degan taxmin oʻrinsiz. Agar oʻzi oʻlimga hukm qilsa, bunday namoyishkorona osib qoʻymas edi. «Balki boshqalarga oʻrnak boʻlsin», degandir?

Baribir bunday yoʻl tutishi aqldan emas. Zohidni koʻproq qiynagan savol begona odamning murdasini «Jamshid Sunnatullaev» deb koʻmishlari. Bu oʻzlarining nayranglarimi yo goʻlliklarimi? «Siz koʻmgan odam Sunnatullaev emas», desak qidirishadimi? Yo uni oʻzlari yashirishdimi?..

Savollar Zohidning nazarida qavat-qavat qoʻyilgan beton devorga oʻxshardi. Bu devorni yiqish uchun Said Qodirov aytganday «Ilm» deb atalguvchi portlatgich zarur.

Zohid xiyobondan oʻtgach, avtobusga chiqdi. Yarim soat deganda Jamshid ishlagan idoraga yetib bordi. Keng dahlizning boshlanishiga qoʻyilgan eski yozuv stoli yonida yoshlari oltmishlardan oshgan ikki kishi choyxoʻrlik qilib oʻtirishardi. Idoraga kirib kelgan begona odamni koʻrib ikkovlari uni savol nazari bilan qarshiladilar. Zohid odob bilan salom berib koʻrishgach, ulardan biri choy quyib uzatdi-da:
— Keling, inim, birovni izlayotganga oʻxshaysiz? — dedi.
— Qaerdan bildingiz? — dedi Zohid choy hoʻplab.
— Bilamiz-da, shu yerda oʻtirib rizqimizni terib yeganimizdan keyin kim keldi, kim ketdi, kimning dardi nima — sezib turamiz-da.
— Bu yerda anchadan beri ishlaydiganga oʻxshaysiz, a?
— Oltinchi yil ketyapti. Mamasodiqning bir ogʻiz gapi bilan issiq joyimni tashlab kelganman.

Buning oʻzi yigirma yildan beri shu yerda. Galma-gal turamiz. Hozir ismen almashadigan paytga keldingiz. Ismen bahona ikkita chol valaqlashib olamiz-da.

Zohid choyni ichib boʻlib piyola uzatgach, maqsadini aytdi:
— Mamasodiq aka, bundan oʻn ikki oʻn uch yil oldin shu idorada Jamshid degan yigitcha ishlagan ekan, eslaysizmi, bir qizni zoʻrlayman, deb qamalib ketgan ekan?
— Jamshidmi? Sunnatvoyning oʻgʻlini aytyapsiz-da, a?
— Ha. Bir qizni...
— Boʻlmagan gap! Boyaqish moʻmin-qobil bola edi. Otasi ham tilla odam. Hozir yotib qolgan...
— Yosh bola narsaga shayton vasvasa qilgan boʻlsa, koʻzi qonga toʻlgan payt shoʻxlik qilgandir, — dedi Mamasodiqning sherigi.
— E, yoʻq, qoʻysangiz-chi bu gaplarni, — dedi Mamasodiq bosh chayqab. — Siz uni koʻrmagansiz, bilmaysiz. Shaytonga boʻyin egadigan bolamas edi. Bu yerda bir tuhmat boʻldi chogʻi.
— Yosh oʻsmirda kimning xusumati boʻlishi mumkin? Yo otasining dushmanlari bormidi?
— Bunisini bilmayman, uka, siz nima uchun surishtirib qoldingiz?
— Men prokuraturadanman, — Zohid shunday deb hujjatini koʻrsatdi. — Siz aytganday tuhmat boʻlishi mumkin. Tuhmatligi aniqlansa, u oqlanadi.
— Ie, haliyam qamoqdami u? — deb ajablandi Mamasodiqning sherigi.
— E, yoʻq, — dedi Mamasodiq, — ikki yilmi uch yilmi oʻtirib chiqdi. Endi oqlashlaringning nima foydasi bor? Onasi bu sharmandalikni koʻtarolmay oʻlib ketdi. Otasi ishdan boʻshadi. Issiq joyini sovutdi. Oqibat na oʻlikmas, na tirikmas — yotibdi.
— Shunday deysiz-ku... oqlansa... har holda yelkasidagi sharmandalik yuki olib tashlanadi-ku?
— Baribir foydasi yoʻq. Uni oqlab, tuhmat qilganlarni qamash qoʻlingizdan keladimi? Kelmaydi-da. Shuning uchun foydasi yoʻq, dedim.
— Siz tuhmat deyapsiz. Oʻsha paytda nima uchun aytmagansiz?
— Biz kimmiz, bizning gapimizni birov sariq chaqaga olarmidi? Qorovulning gapini eshitadigan quloq bormi oʻzi? Oʻshanda birdan mish-mish tarqaldi. Tergovchi keldi, opa bilan gaplashdi. Opa kimni chaqirsa, oʻsha guvohlik beribdi. Oʻsha kuni men ismenda edim, birov bir nima deb soʻramadi. «Sendan soʻrashni istashmayotibdimi, sen bir faqir odam, lozim boʻlmagan ishga burningni tiqma», deb jim qolaverdim-da.
— Siz Jamshidning zoʻrlashi mumkinligiga nima uchun ishonmayapsiz?
— E, inim, zoʻrlaydigan bolaning koʻzi oʻynab turadi. «Gʻunajin koʻzini suzmasa, buqacha arqonini uzmaydi», degan maqolni eshitganmisiz? Jamshidniki emas, oʻsha... hajiqizning koʻzi oʻynab turardi. Gʻarkoʻz edi u. Hozir ham oʻynab turadi. Uning oʻzi Jamshidga osilib, labini choʻzib yurardi. Imoratni koʻrib turibsiz. Shu uchinchi qavatdan oʻzini tashlagan odam tirik qoladimi? Xoʻp, adolat qilmoqchi ekansiz, yuring, koʻrsatay.

Mamasodiq shunday deb oʻrnidan turdi-da, hovli tomon yurdi.
— Ana, osma tik tarnovni koʻryapsizmi, deraza yonidan oʻtgan. Oʻshanga osilib, manavi tomga tushgan, undan yerga sakrab, dod-voy qilgan. Derazadan tashlagan odam hech boʻlmasa manavi tomga tushadi, hech boʻlmasa tunukani pachoq qiladimi?.. Gap shu ukam, adolat qilaman, desangiz, oʻsha hajiqizning boʻyniga qoʻyib, qamang.
— U hozir qaerda, bilmaysizmi?
— Qaerda boʻlardi, goʻrga ketadimi, shu yerda. Opaning muovini hozir. Nomi muovini, aslida opa hamma ishni shuning qoʻliga topshirib qoʻygan. Bu shaytonning urgʻochisidan hamma bezor.
— Gapingizga qaraganda uni yomon koʻradiganga oʻxshaysiz.
— Men yomon koʻrdim nima-yu yaxshi koʻrdim nima, foyda-zarari yoʻq hech kimga. Men bir qorovul odam boʻlsam, kelayotganida oʻrnimdan turib salomimni beraman, hushiga kelsa alik oladi, kelmasa yoʻq, alik olmasang onangnikiga, deb qolaveraman.

Idora xodimlariga achinaman-da. Ba’zan duch kelganni itday qopadi. Yo qudratingdan, bu yalmogʻiz doim chap yoni bilan turadimi, deyman. Huzuriga kirmoqchi boʻlganlar zirillab turishadi. «Hajiqizning kayfiyati qalay, kirsak boʻlarmikin?» deyishadi.

Zohid tajangroq koʻringan Mamasodiqning bu gaplarini eshitib kulimsiradi:
— Unda men ham soʻray: kayfiyati qalay, hozir kirsam boʻlarmikin?
— Bugun qopadigan kuni. Qoʻrqmasangiz, kiravering.
— Qopsa qopar, doʻxtirga borib qirqta ukol olsam, tuzalib ketarman, quturmasman.

Zohidning hazili Mamasodiqqa ma’qul kelib, jilmaydi.

IV bob

1

Oʻzining oʻrmoniga sigʻmagan bir sher boshqa bir oʻrmonga borib qarasaki, oʻzidan zoʻrrogʻi yoʻq. Shunda u behad quvonib «Men shu oʻrmonning shoh-arsloniman! Hamma qarshimda tiz choʻksin!» deb na’ra tortibdi. Bu nodon oʻylamabdiki, bu oʻrmonning oʻz xoʻjasi — arsloni bordir, u pinakka ketgandir, hademay uygʻonar, uygʻonsa ish rasvo boʻlar...

Oʻz koʻnglicha shaharga yakka hokim boʻlib olgan Hosilboyvachcha ana shu nodon sher toifasidan edi. Yengil-elpi gʻalabalar bilan shu martabaga yetgan u aqli qosir mutlaq hokimlikka erishmoq uchun bittagina asosiy gʻalaba yetarli deb oʻyladi. Agar u qimorboz boʻlsa edi, oshigʻi hamisha olchi turishi mumkin emasligini bilardi. U oshiq tepishni yaxshi oʻrganmay turib bor mulkni, hattoki jonni tikdi. Tikdi-yu, Asadbekning oshigʻi olchi turib, u yutqizdi. Agar Hosilboyvachcha din ahlidan, yoinki ularga yaqinlardan boʻlsa edi, «Iza tavotiru aala ahadikum an nia’mu fal-yabki aala nafsihi fa qod salika gʻayra tariyqus-solihin»[3] hikmatining ma’nisini chaqarmidi. Afsuski, u oʻz holiga yigʻlay olmay ketdi.

Har bir qush qaerga, qanday in qurishni biladi. Buni bilibdimi, demak, yashashdan maqsadi ne ekanini ham anglaydi. Jonzotlar orasida eng onglisi hisoblanuvchi inson vakili boʻlmish Hosilboyvachcha qush bilgan narsaga fahmi yetmadi. Chumchuq hech qachon burgut uyasini orzu qilmaydi. U esa orzu qildi... Chumchuq bilan burgutning qanoti ham, changali ham har xil boʻlishini bilmadi...

Asadbek esa bu oʻyinda yutishiga ishonardi. Inson qalbi haqiqatdan, adolat va muruvvatdan oʻz xohishi bilan emas, oʻzi bilgan va bilmagan kuch orqali zoʻrlik bilan uzoqlashadi. Asadbek uni oʻldirishni istamagan edi. U Hosilboyvachchaning koʻp qiliqlarini kechirib kelardi.

Ayrim izdihomlarda «Shu bola oxiri toʻqmoq yeydi», deb qoʻyardi, lekin «shu toʻqmoq bilan oʻzim ursam kerak», deb oʻylamasdi. «Yovni ayagan yara yer, kaltagini sara yer», deb bejiz aytishmagan. Asadbek bu maqolni bilmas edi, ammo u «Senga zulm qilsalar, sen oʻn karra zulm bilan javob qaytar», degan oʻz aqidasiga sodiq holda yashardi. Hosilboyvachchaning zarbidan soʻng quyosh yuzi toʻsilib, sovuq bosh koʻtargani kabi, Asadbekda zulm uygʻondi. Afsus shuki, kechroq uygʻondi. Asadbek Hosilboyvachchaning zarbaga shaylanayotganini sezgan edi. Qilich Sulaymonovning «Shu ish bahona boʻlib Asadbekni yoʻqotish kerak. Bu shaharga xoʻjayinlik qilish faqat sizga yarashadi», degan gaplarini yozib olib taqdim etishi yoki Elchinni toʻyda haqoratlashga jur'at etishining oʻziyoq ogohlantiruvchi zarbalardan edi.

Asadbek «Hosilboyvachcha kuchliroq zarba berishga qodir emas», deb yanglishdi.

Asadbekning keyingi kunlardagi ahvolini koʻrgan Chuvrindi «kasallik xuruj qilyapti», deb xavotirlandi. Asadbek esa kasalini qariyb unutgan, butun fikri-zikri Hosilboyvachchada edi. U koʻzlarini yumdi deguncha qizi sharmandali holda gavdalanar, bu manzara temir tirnoqlar bilan ruhini ezardi. Uning ingrashlari tan azobidan emas, ruh qiynogʻidan edi.

Oʻsha kuni qizi titroq ovozda, «Ada, siz hech kimni oʻldirmaysiz, ularni oʻzim oʻldiraman», deganida zimiston koʻngliga bir yorugʻlik moʻraladi. Ehtimol, qaysi bir ota shunday fojiaga roʻpara boʻlsa-yu, qizi qasos istagida shunday desa, balki «Mayli, qizim, oʻch ol!» der. Lekin gap shundaki, u «qaysi bir ota» emas. U — ASADBEK!

U erkak bilan ayolning vazifalarini ajrata oladi. Oʻlar holida ham bu ishni qiziga qoldirmaydi. Agar oʻgʻillari shu yerda boʻlishganida, shubhasiz, ular singillarining toptalgan nomusi haqqi qasos olishga otlanishardi. Ammo oʻshanda ham Asadbek ularning yoʻlini toʻsgan boʻlardi. Chunki farzandlarini yovuz shamoldan asray olmagan ota kabi u oʻzidan-oʻzi nafratlanardi. Eng muhimi — Zaynab nomusi bir vosita, shu orqali oʻzining nomusi bulgʻanganini yaxshi idrok etadi. Agar oʻz nomusi uchun qasos olishga qurbi yetmasa, erkakman, deyishni xayf sanaydi.

U magʻrur yashadi. Oʻlayotganida ham magʻrur tarzda oʻlishni istadi. «Qasossiz ketsam, yotqizib koʻma olmaysan, goʻrimda tik turaman» degani shunchaki oddiy gap emas, qalb nidosi edi.

U ota hovlisiga qadam bosganida holsiz edi. Chuvrindi buni kasallik hukmi deb oʻyladi. Reja amalga oshgach, Asadbek uydan bitta-bitta bosib chiqib keldi. U endi bir necha soat ilgarigi holsiz odam emas, qaddini magʻrur tutuvchi Asadbek edi.

2

Biri kam dunyo, deb shunga aytadilar.

Moʻljaldagi ishni oʻylab-oʻylab obdon pishitasan. Nimadan boshlab, nimadan tugatishgacha belgilab olasan. Toʻsiq boʻluvchi yo xalal beruvchi, yoyinki oʻylaganingni chippakka chiqarib yuborishi mumkin boʻlgan yuz (balki ming) tasodiflarni hisobga olasan. Yoʻlingda oʻsha hisobga olganing yuz (balki ming) tasodif emas, yetti uxlab tushingga kirmagan yuz (balki ming) birinchi tasodif qad rostlaydi. Bu tasodif toʻsigʻini yanchib yo aylanib, yoyinki oshib oʻtishni bilmay garang boʻlib turganingda moʻljalingdagi ishingdan latta hidi kelib qoladi.

Qaddini magʻrur tutib, oʻljalari yoniga yaqinlashayotgan Asadbekni oʻsha yuz (balki ming) birinchi tasodif kutardi.

Uning rejasi oddiy: bir oʻq bilan ikki quyonni urmoq edi. Asadbek Hosilboyvachchaning Gʻilaysiz kelmasligini bilardi. Oʻq ovozini eshitgan Gʻilayning hovliga otilib kirishini ham hisobga olgan, shu sababli ham Chuvrindiga izma-iz kelishni tayinlagan edi. Gʻilayning pistirmada turganiga amin boʻlgani uchun ham toʻpponchani Elchinga berdi. Elchin dovdirab, nima boʻlayotganini anglab yetgunicha Gʻilay uni daf qilishi, soʻng oʻzi ham shu yerga behush choʻzilishi lozim edi. Dastlabki reja boʻyicha Shomil ham jon berishi kerak edi. Asadbek arqonni uzun tashlab, bu ishga Xongireyning ham aralashishi mumkinligini hisobga olib, unga omonlik berishni lozim topdi. Vazifa bir oz yengillashdi, ayni choqda chigallashdi.

Oʻljasiga yaqinlashayotgan Asadbek oʻz xayolicha qurgan qasos imoratining bir tomoni oʻpirilayotganidan bexabar edi. U «ikki mal'unning oqqan qonini koʻrib, koʻnglim taskin topar, qalbni burab azob berayotgan ombur kuchdan qolar», deb oʻylab adashgan edi.

Oʻqlar zarbidan chalqanchasiga yiqilgan Hosilboyvachcha bulutli osmonga tikilib, najot kutayotganday edi. U tirikligida ham koʻzlarini chaqchaytirguvchi edi. Asadbek shu chaqchaygan koʻzlarni dastlab koʻrganidayoq yoqtirmay, toʻdaga qoʻshmagandi. Hozir ham unga qarab battar gʻashlandi. Elchinning qoʻlidan toʻpponchani olib ikki oʻq bilan bu chaqchaygan koʻzlarni yoʻq qilmoqchi boʻldi. Engashib, kuyovi changalidan toʻpponchani olmoqchi boʻlganida Elchin ingradi. Bu ovozni eshitib, Chuvrindiga «Oʻlmabdi-ku?» degan savol nazari bilan qaradi. Gʻilayning qoʻlidan toʻpponchani olishga ulgurgan Chuvrindi «otaymi?» deganday shaylandi. Uchinchi oʻq otilmay turib Gʻilayga zarba bergani uchun u oʻzini aybdor his qilib, xatosini toʻgʻrilamoqchi boʻldi. Ana shunda Asadbek bir qalqib ketdi.

Kuyovini oʻlimga hukm qilganida diydasi qattiq edi. Uning qat'iy fikricha, Elchinga bundan boʻlak mukofot boʻlishi mumkin emas edi. U «Elchinning yuragi koʻpdan beri bir-ikki oʻqni sogʻinib qolgan», deb oʻylardi. Aslida Elchinning yuragi Zaynab oʻgʻirlangan kunlariyoq qoʻrgʻoshin oʻqlarni yutib, tepishdan toʻxtashi lozim edi. Zaynabning keyingi taqdiri, sharmandalik chodiriga oʻralishining sababchisi ham Asadbek nazarida Elchin edi.

Asadbekning qoʻlqop kiyib olganiga Elchin ajablangandi. Holbuki, qoʻl sovqotadigan darajada ayoz tushmagan edi. Elchin toʻpponchada barmoq izlari qolmasligi uchun qoʻlqop kiyilganini, toʻpponchada Hosilboyvachchaning qotili emas, balki oʻzining barmoq izlari qolajagini qaerdan bilsin? Hosilboyvachchaga oʻq uzgan toʻpponcha Elchinda, Shomilniki esa Hosilboyvachcha qoʻlida boʻlgach, milisa chaqirilishi moʻljallangan edi. Ana oʻshanda milisa bir-birini «oʻldirgan» ikki nodon «Ish»i bilan shugʻullana boshlardi.

Rejadagi ish nihoyasiga yetay deganida Elchin ingrab yotibdi, joni qattiq ekan, oʻlmabdi. Bu xatoni tuzatish oson — bir imo qilsa bas, Chuvrindi oʻq uzadi. Lekin... imo qilishga jur'at eta olmadi. Koʻz oldida parishon Zaynab koʻrindi. Qulogʻi ostida uning «otmang!» degan hayqirigʻi eshitilganday boʻldi. Bir soniyaning oʻzida, Elchining hayoti qilga osilib turgan nafasda Asadbek oʻzi kutmagan holga tushdi. Uning roʻparasida, parishon Zaynabning yonida Elchinni otilajak oʻqdan himoya qilganday onasi, soʻng... xastalikdan ozib ketgan kichkina Samandar koʻrindi. Asadbek bu holatini keyinchalik ham koʻp oʻyladi. Onasining koʻziga koʻringanini tushunish mumkin. Onasining ruhi nabirasi Zaynabning taqdirini oʻylab nabira kuyovning hayotini saqlab qolmoq uchun bezovta boʻlgandir? Samandar-chi? Goʻdak ukasining ruhi nechun bezovtalandi? Bu savolga Asadbek keyinroq javob topishga harakat qiladi.

Ayni damda Chuvrindi izn kutib, hojasiga tikiladi. Asadbek esa koʻziga koʻrinayotgan yaqinlari oldida ojiz.

Paygʻambar afandimiz (sallallohu alayhi vasallam) namoz soʻngida oʻng tomonga salom berib, chap tomonga salom berishga ulguramanmi, yoʻqmi, Xudo biladi, degan ekanlar. Kishi olgan nafasini chiqara oladimi yo u nafas bilan joni qoʻshilib chiqadimi — bilmaydi. Bilmagani holda xuddi dunyoda mangu qoladiganday magʻrur yuradi. Qorni bir kosa ovqatga toʻygani holda doshqozonda toʻla osh boʻlmogʻini istaydi. Shu uchun kurashadi, yon-atrofidagilarni bosib-yanchadi. Suyagini qizgʻanib irillagan itdan kuladi, oʻzi esa faqatgina irillab qoʻya qolmaydi, gʻanim deb bilgani birodariga tashlanadi, kekirdagidan oladi. Umri davomida bu dunyoning hoyu-havaslari deb necha odamning ruhini majaqlaydi. Gʻofil banda... oʻzicha oltmishmi yo toʻqson yilmi umr koʻradiganday kerilib yuradi. Holbuki uning umri birgina im qoqish bilan uzilishi mumkin.

Mana, hozir Asadbek birgina imlasa tepki bosiladi, oʻq koʻz ilgʻamas tezlikda olovli iz qoldiradi-yu, Elchinning issiq qalbidan makon topadi. Tamom-vassalom.

Chuvrindi hojasidan izn kutadi. U nodon banda «otarchining hayoti begimning qoʻlida», deb oʻylaydi. U bilmaydiki, olam tigʻi joyidan qoʻzgʻolgan taqdirda ham Xudo xohlamasa, biron tomirni ham qirqolmas. Bu onda Yaratgan taqdir yozugʻiga xiyonat qilmadi — im qoqilmadi, tepki bosilmadi, oʻq oʻzining sovuq makonida qoldi.

Asadbek bir zumgina koʻzlarini yumdi-yu, temir tirnoqlar hukmidagi qalb azobidan ingrab yubordi. Soʻng Elchin qoʻlidan toʻpponchani oldi-da qasos oʻtining zabtidanmi yo kuyovini oʻlimga hukm etishga jur'ati yetishmagani alamidanmi, koʻzlarni moʻljalga olishni ham unutib, barcha oʻqlarni jonsiz jasadga qadadi. Chuvrindi hojasini shu paytgacha bu ahvolda koʻrmagan edi. Shu sababli uning vajohatidan bir oz choʻchidi.

Asadbek bir necha nafas harakatsiz turgach, burilib, uy tomon yura boshladi. U endi yaqindagina magʻrur qadamlar bilan uydan chiqqan Asadbek emas, oʻlim toʻshagi sari borayotgan xasta odam koʻrinishida edi. Uch-toʻrt qadam bosgach, u toʻxtab, oʻgirildi:
— Doʻxtirga olib bor.

Shunday deb uyga kirib ketdi.

Chuvrindi reja oʻzgarganini fahmladi. Hojasidan «yana nima qilay?» deb soʻramadi. Asadbek gapni choʻzmadimi, demak, bu yogʻi uning fahm-farosatiga bogʻliq. Chuvrindini Yaratgan fahm-farosatdan qismagani esa Asadbekka ma’lum. Agar hozir Kesakpolvon boʻlganida «Gʻilayni bogʻla, Otarchini doʻxtirga olib bor, «uyida kimdir otib ketibdi», de, qorongʻu tushganida Hosilni koʻmib kel», deb birma-bir tushuntirgan boʻlardi.

Chuvrindi tezlik bilan harakat qilib, avval ipak kanop bilan Gʻilayning qoʻl-oyoqlarini bogʻladi, soʻng yelimli tasmani ogʻziga yopishtirdi. Shundan keyingina Elchin ustiga engashib, biqin tomoni qonga belanganini koʻrdi.

Halimjon Chuvrindining topshirigʻi boʻyicha izma-iz yurib kelib, endi eshikning naryogʻida amrga mahtal turgan edi. Chuvrindi ichkaridan «mashinani olib kel!» deb baqirgach, katta koʻcha tomon yugurdi.

Asadbekning «doʻxtirga olib bor», degani «kuyovimning jonini asrab qol», degan ma’noni anglatishini Chuvrindi bilardi. Kasalxonaga olib borsa, bundan milisa ogoh topadi, milisa bildimi, kavla-kavla boshlanadi. Busiz ham Shilimshiq bilan Jamshid(?)ning oʻlimi ularning boshlari uzra balo bulutiday soya tashlab turibdi. Qoʻllari uzun boʻlgani bilan hamma yoqqa yetavermasligini boshqalar bilmasa ham Chuvrindi payqaydi.

Ayniqsa, Zohid coʻroqqa chaqirganida, uyiga kelganida yuragi noxushlikni sezdi. Endi Elchin otilgani bilan shugʻullanishsa, latta isi kelishi hech gapmas. Yetti qoʻshnidan hech boʻlmasa bittasi besh-oʻnta oʻq ovozi eshitganini aytib qoʻyadi. «Xoʻ-oʻsh, — deb oʻylaydi tergovchi (balki oʻsha prokuraturadagi Zohiddir?), — ikkita oʻq Elchinning biqinida, qolganlari qani?».

Chuvrindi mashina kelgunicha bir qarorda toʻxtashi shart edi. Elchinni uyiga olib borib, soʻng tabibni olib kelish koʻp vaqt talab qiladi, bu vaqt ichida yarador omonatini topshirib qoʻyishi hech gap emas. Reja oʻzgarganidan keyin esa, uning oʻlishi sira ham mumkinmas... Chuvrindi avval Elchinni uyiga olib borishga, Zaynabni ogohlantirganidan soʻng kasalxona sari yurishga ahd qildi. Elchinning uyiga borgach, bu rejasini yana oʻzgartirmoqqa majbur boʻldi.

3

Dorining xumori tutib toʻlgʻonayotgan Zaynabni koʻrgan Chuvrindi masala yanada murakkablashganini bildi. Hozir Zaynabga gapirish foydasiz edi. Shu sababli Elchinni kasalxonaga tashlab, soʻng orqaga qaytishga qaror qildi. Shu bugun, ayniqsa, shu damda sodiq yigitlariga ehtiyoj sezdi. Zaynabni yolgʻiz tashlab chiqayotganida Jamshidni qoʻmsadi. U boʻlsa edi, ish bir oz yengillashardi. Zaynabni tabibga olib borishni, eng muhimi — «Elchinni otgan odamni koʻrgan» bir-ikki guvoh topishni unga bemalol ishonsa boʻlardi. Toʻgʻri, yigitlar orasida ishonchga sazovorlari ham bor, ammo ularni bunday qaltis ishlarga jalb qilishga koʻngli chopmaydi. Yoʻlda ketaturib, Halimjonni yoniga olganidan picha afsuslandi. Garchi Halimjon qaysi bir jihatlari bilan Jamshidni eslatsa-da, begʻubor koʻzlari halolligidan darak bersa-da, ba’zan qarashlarida «mendan ehtiyot boʻl» degan oʻt chaqnab qoladi. Chuvrindining ziyrak nigohi bu oʻtni ilgʻaydi. Ilgʻagani uchun ham ehtiyot chorasi haqida oʻylaydi.

Eng yaqin yoki birinchi duch kelgan kasalxonaga olib borish — kutilmagan falokat ilonining dumini bosib olish demakdir. Har bir kasalxonada bir-ikki tanishi yoki ishonchli odamlari boʻlsa-da, masala ENG ishonchli odamlar yordamida hal etilajagi sababli shaharning kunbotar tomonidagi yangi kasalxona tomon yurdi.

Chuvrindi orqa oʻrindiqda, Elchinning boshini tizzasiga qoʻygan holda oʻtirardi. Dam-badam uning peshanasini ushlab qoʻyadi. Bir mahal Elchin qattiq ingradi. Chuvrindi kaftini uning peshanasiga bosib:
— Hofiz, ozgina chidang, hozir kasalxonaga yetamiz, — dedi. Soʻng soʻradi: — Hofiz, gapimni eshityapsizmi? Men — Mahmudman, javob bering, eshityapsizmi?

Bir necha nafasdan soʻng Elchin ingrab javob berdi:
— Ha...
— Bek akam oʻch olmoqchi edilar. Falokat oyoqostidan chiqib qoldi. Buni keyin tushuntirib beraman. Hosil oʻlishi shart edi, oʻldi. Ammo buni hech kim bilmasligi kerak. Siz ham unuting. Gapimni eshityapsizmi? — Chuvrindi «bu gap senga ham tegishli» deganday Halimjonga bir qarab oldi. — Hofiz, eshityapsizmi?

Elchin bu safar ham qiynalib «ha» deb qoʻydi. U Chuvrindining ovozini quduq tubida turib eshitayotganday edi. Shu sababli Chuvrindining gaplarini durust idrok qilolmadi.
— Hofiz, — dedi Chuvrindi, — siz yoʻlda ketayotgan edingiz, bir mashina quvib oʻtib, toʻxtadi. Mashinadan tushishingiz bilan sizni otdi. Otgan odamni tanimaysiz. Gapimni eshitdingizmi?

Elchin javob bermadi. U quduq tubiga choʻkib borar, Chuvrindining ovozi esa tobora uzoqlashardi.

Chala qurilgan imoratlar yonidan oʻtishayotganda Chuvrindi Halimjonga qarab:
— Hofizni shu yerda tasodifan koʻrib qolib, mashinangga olding. Boshqa hech narsa bilmaysan, — dedi.

Halimjon ma’qul ishorasini qilib, jim ketaverdi.

Kasalxona hovlisiga kirishlari bilan mashina toʻxtab, Chuvrindi tushib qoldi. Mashina qabul boʻlimi sari yurgach, u asosiy bino tomon yoʻnaldi. Kerakli odamni topib, izoh berib oʻtirmadi, buyruq qisqa boʻldi — u oʻlmasligi kerak!

Tabiblar, hamshiralar yarador atrofida girdi-kapalak boʻlishayotganida Asadbekning boloxonasidagi telefon jiringladi. Hofizning mashinasini qaerga eltib qoʻyish xususida buyruq olgan ikki yigit tezlik bilan yoʻlga tushdi.

4

«Men senga qasos olish qanaqa boʻlishini koʻrsataman. Hozir oʻlishi kerak boʻlgan odam sening ham, mening ham nomusimni bulgʻadi...»

Asadbek shunday deb koʻcha eshigiga tikildi. Elchin esa u aytgan gaplarning asl magʻzini chaqish uchun bir unga, bir koʻcha eshigiga qaradi. Asadbekning shaxsan oʻzi qasos olmoqchi boʻlayotgani unga ajabtovur tuyuldi. Bittagina imosiga ilhaq oʻnlab yigitlari turganida toʻpponcha yalangʻochlab, deraza panasida pusib oʻtirishning boisini anglab yetishi mushkul edi.

«Oʻlishi kerak boʻlgan odam kim? —deb oʻyladi Elchin. — Ikkimizning nomusimizni bulgʻashi mumkin boʻlgan kim ekan? Jamshidmi? U qaytib kelganmi? Uni nima uchun oʻldiga chiqarishdi? Endi chindan ham oʻldirmoqchimi? Zaynab... demak, oʻshanda toʻgʻri aytgan ekan-da... Men laqma...»

Zelixon Sochidan telefon qilganidan beri bularning oʻyiniga tushunolmay gangib yurgan Elchin yana xalta koʻchaga kirib dovdiradi. Agar hozir eshik ochilib, Jamshid kirib kelsa-yu, Asadbek uni otsa... soʻng... «Chotingda bezing boʻlsa, bu yuvuqsizni topib oʻzing oʻldirishing kerak edi. Qasoskorman, deb katta ketishni bilasan. Sen erkakmisan, sen — dayussan!» deydimi?..

Xayoliga daf'atan kelgan bu fikr butun badanini, badani nima ekan, oyoqlarining barmoqlarigacha, barmoqlar nima ekan, tirnoqlarigacha muzlatib yubordi!

To koʻcha eshigi ochilib, ostonada Hosilboyvachcha koʻringuniga qadar Elchin Jamshidga qarab oʻq uzilishiga amin edi. Shu sababli Hosilboyvachchaning sovuq basharasi koʻringani hamon ajablanib, qaynotasiga savol nazari bilan boqdi: buning aybi nima? Toʻyda meni xorlaganimi? Nahot shuning uchun?.. Uygʻongan savollar oqimi oxiriga yetmay oʻq uzildi. Soʻng Asadbek toʻpponchani uzatib, qahrli ovoz bilan amr etdi:
— Chiq tez, oʻlmadi shekilli, qoʻlim titradi. Tirik boʻlsa, ot!
— Nimaga?
— Chiq deyapman! Zaynabni bulgʻadi bu, eshityapsanmi?! Erkakmisan, oʻzing?

Elchin bu gapga ishonqiramasa ham, vujudida uygʻongan bir kuch toʻpponchaga qoʻl uzatishga majbur etdi. Asadbek yana baqirgach, hovliga chiqdi. U Asadbekning gaplaridan tamoman gangigan edi. U qattiq yerda yurib emas, goʻyo savollar botqogʻiga tobora botib borardi.

Asadbek «ot!» deb buyurdi, u amrga itoat etib, hovliga chiqdi, oʻlja sari yurib boryapti. Lekin tepkini bosa oladimi yo yoʻqmi — aniq bilmaydi. Chunki Hosilboyvachchaning gunohidan bexabar. «Zaynabni qanaqasiga bulgʻashi mumkin? Axir Zaynab oʻz ogʻzi bilan Jamshidni aytgan-ku? U rasvoni deb oʻlmoqchi boʻldi-ku?..» deb garangsiydi.

Asadbek reja tuzayotgan chogʻida Elchin Hosilboyvachchani otgani chiqadimi yo rad etadimi, deb koʻp oʻylagan edi. «Xotinini bunday holatda koʻrgan hebbim ham chidab turolmaydi», degan fikr rejaning toʻliq amalga oshishiga ishonch tugʻdirardi. U Elchin qalbida gʻazab gulxani yoqish uchun Zaynabning hammomdagi sharmandali holati tasvirini koʻrsatmoqchi ham boʻldi. Shu fikrga kelishi bilan oʻzi uyatdan yorilib ketay dedi.

U kuyovini oʻlimga hukm qilgan edi. Ammo oʻlimning totli labidan oʻpmoq arafasida turgan bu odamga ham tasvirlarni koʻrsatishga jur'at qila olmadi. Hosilboyvachchaning aybini otish oldidan qisqa tarzda bayon qilishni ham oʻyladi. Biroq, bunga ham tili bormadi. Oʻq uzilgach, «Zaynabni bulgʻadi bu!» deyishi esa Elchinda gʻazab gulxanini yoqa olmadi, balki savol botqogʻiga botirdi.

Qat'iyatsizlik bilan qadam bosib borayotgan kuyoviga qarab, Asadbek gʻijindi. U nishonni aniq olganiga, gʻanimning jon taslim qilganiga ishonchi komil edi. Yana toʻqqiz-oʻn qadam qoʻygach, bir necha oy kuyovlik libosida yurgan Elchin ham «baxtiyor» hayotiga shu yerda yakun topmogʻi lozim edi. Lekin u oʻsha toʻqqiz-oʻn qadamni bosishni istamayotganday imillaydi.

Bir necha nafaslik fursat Asadbekka bir necha asrday gʻoyat uzoq tuyuldi. Shubha yoʻqki, qoʻlida yana bir toʻpponcha boʻlganida, oqibatini oʻylab oʻtirmay, Elchinni shartta-shartta otib tashlardi.

Elchin esa ogʻir qadam bosayotganini oʻzi ham sezdi. «Kim koʻrubtur, ey koʻngul, ahli jahondin yaxshiliq», deb afgʻon chekuvchi, oʻzini halol deb hisoblovchi, aslida esa oʻzi bilmagani holda shaytonning suyukli fuqarosiga aylangan bu odamga oʻlimning issiq tafti sari borayotgani, bir tasodif bilangina tirik qolajagi hozircha noma’lum edi. Toʻgʻri, u qorongʻu uyda Zaynabga tegingan ondan boshlab Asadbekdan oʻlim hukmini kutib yashardi. Hatto toʻyidan keyin ham bu xavotir buluti tarqamagan edi.

«Jamshidda nima qasdingiz bor edi?!» deb jagʻiga musht solganida qaynotasining hukm sari yaqinlashayotganini sezgan, ammo aynan shu bugun, aynan shu hovlida, hukmning ijro boʻlishini oʻylamagandi. Hozir, Hosilboyvachchaga yaqinlashar chogʻida ham qaynotasining rejasidan bexabar, hatto eshik zarb bilan ochilib, Gʻilayni koʻrganida ham buni fahm etmadi. Avval koʻkragiga, soʻng biqiniga oʻq qadalganidan keyingina bir «oh» uradi. Keyinroq, hushiga kelganida esa bu holatini eslab, laqmaligi uchun oʻzini la’natlaydi. «Taqdir (Asadbek emas!) qoʻlimga toʻpponcha tutqizgan ekan, hammasini otib tashlamaymanmi, hammasidan biratoʻla qutulmaymanmi», deb oʻkinadi. Lekin... Soʻnggi pushaymondan kim lazzat topibdiki, Elchin huzurlansa...

Eshik tepki zarbidan ochilib, Elchin choʻchib tushdi. Ostona hatlayotgan Shomilning gʻilay koʻzlari bilan uning nigohi toʻqnashdi. Oʻzini himoya qilishni oʻylashga ham ulgurmadi. Uning nigohidagi «nimalar boʻlyapti, oʻzim ham tushunmayapman», degan savolga javoban Shomil toʻpponcha tepkisini bosdi. Hojasini yolgʻiz qoʻyganidan oʻkinib, vajohat bilan yugurib kelgan

Gʻilay qanday voqea sodir boʻlganini aniq bilmasa-da, yerda choʻzilib yotgan Hosilboyvachchaga shu Elchin oʻq uzgan deb gumon qilib, toʻpponchasidagi bor oʻqlarning barini uning jismiga boʻshatishi mumkin edi. Yaxshiki, Chuvrindi izma-iz yetib keldi...

Elchin toʻpponcha ogʻzidan sachragan olovni koʻrdi, soʻng... chuqur quduqqa agʻanadi. Yuragi qinidan chiqquday boʻlib shitob bilan tubsizlik sari uchaverdi. Uchaverdi, uchaverdi... quduqning tubidan esa darak yoʻq. Soʻng... qorongʻulik chekinib, atrofi yorisha bordi. Gʻalati manzaralar koʻrindi. Keyin birdan... xarobgina bostirma yonida ota-onasini koʻrib, titrab ketdi. Volidayn tajribaxonada kiyadigan oq liboslarida edilar. Elchin shum xabarni eshitiboq maktabdan yetib kelganida ular qoʻlansa hidli tajribaxonada shu kiyimda, jonsiz holatda yotar edilar. Ularning kimyoviy tajriba oʻtkazayotib zaharlanishganini keyinroq bildi. Shu paytgacha biron marta boʻlsin «zaharlanishganmidi yo hasadchi hamkasblari zaharlashganmidi?» deb sira oʻylamagan edi. Hozir tubsizlik sari uchib borayotganida nechukdir shu savol xayoliga keldi. Picha toʻxtab, soʻrogʻini soʻradi, ammo javob oʻrniga boshqa gap eshitdi:
— Sen bu yerda toʻxtama, seni Noila kutyapti, — dedi onasi joyidan jilmay
— Nima uchun bu xarob bostirmada yashayapsizlar? — deb soʻradi Elchin.
— Har kim amaliga yarasha ajr olar ekan, — dedi otasi.

Elchin bu gapning ma’nosini tushunmadi.
— Meni axiyri otishdi, — dedi Elchin. — Oyi, esingizdami, qamoqdaligimda kelib, boshimni silardingiz, oʻzim himoya qilaman, derdingiz?
— Himoya faqat Yaratgandandir. Biz Tangrimning xohishi bilan seni himoya qilar edik. Bizga berilgan bunday huquq kuchi bugun qirqildi. Biz sendan har on duolar kutdik. Aqalli bir martagina peshanang sajdaga tegib, haqqimizga duo qilsang, bizlarni bu xorlikdan oz boʻlsa-da, qutqarar eding.
— Imkonim boʻlmadi.
— Imkon oʻz qoʻlingda edi. Sen ham biz kabi Tangridan yiroqlashding. — Boʻldi, bas, toʻxtama, endi qiyomatda diydor koʻrishamiz.
— Men... oʻldim... endi sizlar bilan birga boʻlishni istayman.
— Yoʻq, bolam, bu baxtdan bizlar benasibmiz...

...Bu ayovsiz hukmni eshitib, Elchin ingrab yubordi. Kuyovining harakatsiz gavdasi uzra engashgan Asadbek shu alamli, azobli ingrashni eshitgan edi...

...Ota-onasi bagʻriga sigʻmagan Elchin yana ucha boshladi. Soʻng yaydoq dalada, oʻtlari, chechaklari toptalgan kenglikda Noilasi koʻrindi. Oʻsha koʻylakda, ammo... koʻkragida qonli dogʻ yoʻq. Oʻsha pichoq... koʻkragida emas, qoʻlida... uchidan qon tomib turibdi. Qamoqda ekanida, tushlarida koʻrganida bu koʻylakda qonli dogʻ boʻlguvchi edi. Endi esa top-toza...
— Noilam, nihoyat keldim, endi hamisha birga boʻlamiz. Otishganidan xursandman. Lekin afsusim ham bor... Oxirigacha qasos ololmadim. Faqat bittasini oʻldirdim... Nega indamaysan, Noila?
— Bittasini oʻldirdingiz... bir begunoh bokira qizni esa, bulgʻab tashladingiz. Bu kammi sizga?!
— Bu — qasos, Noila! Axir esingdami, tushlarimga kirib, qasosga undar eding?
— U men emas edim.
— Nima uchun bunday deyapsan, tushlarimga kirguchi sen eding!
— Yoʻq, adashyapsiz, u — qalbingizdagi shayton edi. Mening qiyofamga kirib sizga koʻrinar edi. Oʻylab koʻrmadingizmi, bir qizni bulgʻashga men sizni da’vat etishim mumkinmidi? Men sizni hech yomonlikka qarab undaganmanmi? Mana bu toptalgan chechaklarni koʻryapsizmi? Bularning bari bulgʻangan qizlar. Zaynab ham bir kuni shu yerga keladi. Men sizni deb bir necha daqiqaga turdim, hademay yana chechakka aylanaman.
— Men keldim, Noila, u dunyoda zurriyodim qolmadi. Yolgʻiz oʻgʻil edim, urugʻimiz quridi.
— Farzand koʻrishni oʻzingiz istamadingiz, yoshlikda oʻynab qolaylik, dedingiz. Oʻynab-oʻynab shu martabaga yetdingiz.
— Gunohlarim koʻp, bilaman, Noila, endi ilojsizman. Endi biz birga boʻlamiz.
— Yoʻq, sizning joyingiz boshqa. Siz izingizga qaytasiz.
— Noila, meni ota-onam ham haydashdi, sen haydama. Men endi ayriliq azobiga chiday olmayman.
— Sizni haydovchi men emasman. Siz Zaynabga qayting.
— Unday dema, Noila, qaytmayman. Haydama meni... Bilaman, sening oldingda gunohkorman.
— Siz Olloh oldida gunohkorsiz. Men sizdan roziman, ammo Olloh rozi boʻladimi-yoʻqmi, bilmayman. Qayting!
— Haydama, Noila!
— Sizni haydaguvchi men emasman.

Shunday deb Noila koʻzdan yoʻqoldi — chechakka aylandi. Elchin faryodli ovoz bilan chaqirdi:
— Noila!

Uning nolasi sahro bagʻriga tomgan tomchi kabi samarasiz boʻldi. Koʻkragida alam iloni toʻlgʻonib, ingradi.

Mashinada ketayotgan Chuvrindi ana shu ovozni eshitdi. Yana ucha boshlagan Elchin esa tanish ovozni ilgʻadi:
— Hofiz, ozgina chidang...

...«Kim bu menga gapirayotgan?» deb atrofga alanglaydi. Tushunuksiz manzaralarda inson zoti koʻrinmaydi.
— Hofiz, gapimni eshityapsizmi?

...Yana alanglaydi. «Ha», deb javob beradi.

Uchdi, uchaverdi... Tikonzorlardan oʻtdi, tikanaklar badanini tildilar. Chayonzordan oʻtdi, chayonlar nishlarini sanchdilar. Ilonzorga yetdi, ilonlar chaqdilar. Bu ham kamlik qilib, boʻyniga oʻralgancha boʻgʻdilar.

Elchin azobdan toʻlgʻonar. Kimlardir, qaydadir uning holiga kular, kulaverar.

Shu azoblar gulxanida kuyayotganida ilonzorda Hosilboyvachcha koʻrindi. Nechundir ilonlar uni chaqmaslar, boʻgʻmaslar. Bir yoʻgʻon ilon esa nozanin kabi uning beliga oʻralar, soʻng labidan boʻsa olar. U esa kular, kulaverar. Oxir-oqibat kulgidan charchab, Elchinga qarar:
— Bular hammasi meniki. Men sendan oldinroq keldim. Endi meniki bular.
— Men... Mening makonim shu yermi? — dedi Elchin.
— E, yoʻq, bu yer mening mulkim. Senga joy yoʻq. Sen keyin kelasan. Kunduzi ilonlar seni chaqadi, goʻshtlaringni yeb tugatadi. Shomgacha quruq suyaging qoladi. Tunda esa yana goʻsht oʻsib chiqadi. Ertalabdan yana ilonlarga yem boʻlasan.
— Sen-chi?

Hosilboyvachcha bu savolga javoban xoholab kuldi, bir buralib ilonga aylandi, soʻng yana asliga qaytdi.
— Kimsan oʻzing, Hosilmisan yo shaytonmisan?
— Xohlaganing.
— Hosil boʻlsang, ayt: Zaynabga tegindingmi?
— Buni qaynotangdan soʻraysan.
— Unda ayt: toʻgʻri, men gunohkorman, jazo olishim tayin. Sen-chi? Gunohlaringning cheki-chegarasi yoʻq-ku?
— Shu yerda ham oʻzbekligingga borasan-a? Yaxshi hamki qiyomatda sen gunoh tortuvchi tarozibon boʻlmaysan. Naq hammaning shoʻrini quritasan! Sen oʻzing uchun javob ber. Boshqalar bilan ishing boʻlmasin!

U uzoqlasha boshladi. Uzoqdan turib yana ovoz berdi:
— Hofiz, gaplarimni eshityapsizmi?

Chuvrindining ovozi unga Hosilboyvachchaniki boʻlib tuyuldi.

U uchdi. Soʻngsiz ravishda uchaverdi.

Dam-badam notanish ovozlarni eshitdi:
— ...Tampon... tiking... puls...

Uchib yurishlar nihoyasiga yetib, koʻzlarini ochdi.

V bob

1

Kesakpolvon shaharga oqshomda kirib keldi. Avval Asadbekni izladi. Keyin Chuvrindini yoʻqladi. Ularning qaerga ketganini hech kim bilmadi. Kesakpolvon boloxonadagi yigitlarning onasi-yu, opa-singillarini uch-toʻrt sidra «oʻqib» ham xumoridan chiqmagach, birining jagʻiga musht tushirib, boshqasini tepib qoldi. Agar Kesakpolvon meduzasifat toʻrt qoʻl, toʻrt oyoqli boʻlib yaralganida edi, boloxonadagi boshqa yigitlar ham uning mushti, tepkilaridan bebahra qolishmas edi. Yigitlar «Okaxon, biz bor-yoʻgʻi bir poyloqchimiz, Bek akamdan «qaerga ketayotganlarini soʻrashga haqqimiz boʻlmasa...» deb oʻzlarini oqlashdi. Ularda bunday huquq yoʻqligini Kesakpolvon yaxshi biladi. Ham boʻydan, ham pokiza aqldan qisilgan bu banda jahl yuhosi qoʻzgʻolgan damda tuproqqa yaqinlashish lozimligini bilganida edi, alamdan bu tarzda chiqish yoʻlini tanlamagan boʻlardi.

Abdurahmon tabib uning iltimosini rad etib, ketiga kelishtirib tepgandan battarroq ish qildi. Garchi uning uloqchi otlari manzilga yetib bormagan boʻlsa-da, Kesakpolvon xumordan chiqmadi. Asadbek bilan Chuvrindining birgalikda gʻoyib boʻlgani esa gumon oʻtiga moy sepib alanga oldirdi. Bir jussada gumon bilan alam alangasi chirmashar ekan, yigitlarning soʻkish eshitib, musht yoki tepki yeyishlaridan boshqa ilojlari yoʻq. Koshki edi, bir tepki-yu musht bilan bu alanga oʻcha qolsa. Yigitlar navbatdagi zarbalarni kutib, boshlarini xam qilib turishganida telefon asabiy jiringladi. Aslida telefon odatdagiday jiringlagan, ammo jahl torlari tarang tortilib turgan boloxonadagilar uchun shunday tuyulgan edi. Yigitlardan biri shoshilganicha goʻshakni koʻtarib, qulogʻiga tutdi. U:
— Assalomu alaykum, Mahmudjon aka, — deyishi bilan Kesakpolvon goʻshakni qoʻlidan yulqib oldi.
— Mahmud! — dedi zardali ovozda. «Qayoqda yuribsanlar?» deb soʻramoqchi boʻldi-yu, «izlaganimni bilmay qoʻya qolsin», degan maqsadda tilini tiydi. Uning jimib qolganidan Chuvrindi foydalandi:
— Ie, Haydar aka, qayoqda yuribsiz, qidiraverib enka-tinkamiz chiqib ketdi-ku?
— Yuribman qarichlab oʻlcha-ab, — dedi Kesakpolvon yana zarda bilan. Keyin ichida «Qidirasan-a, qidirasan, yoʻq boʻlib ketsam, doʻppingni osmonga otarsan!» deb gʻijindi. Shu bois soʻrogʻi yanada zardaliroq chiqdi: — Asad qaerda?!
— Bilmayman... — Chuvrindi shunday deb tin oldi.— Arkda boʻlsalar kerak. Yigitlarda gapim bor.

Kesakpolvon tushundi. Ayrim hollarda, ayniqsa telefonda gaplashilganda Asadbekning qaerdaligini aytish mumkin emas edi. Shu bois faqat eng yaqin odamlargina tushunadigan tarzda uning qaerdaligiga ishora qilinardi. Hozir Chuvrindi «Bilmayman... arkda boʻlsalar kerak», dedimi, demak, u eski shahardagi ota hovlisida.

Kesakpolvon goʻshakni yigitga bergach, «U yerda nima qiladi? Tez-tez boradigan boʻlib qoldi. Yo bir baloni boshlamoqchimi?..» deb oʻylandi.

Chuvrindining gapi qisqa boʻldi. Yigit «Xoʻp boʻladi, akaxon», deb goʻshakni joyiga qoʻydi. Kesakpolvon ijirgʻanibroq soʻradi:
— Akaxoning nima dedi?
— Otarchining... — Yigit Chuvrindining buyrugʻini soʻzma-soʻz takrorlamoqchi boʻldi-yu, ammo «otarchi»ning Bek akasiga kuyov ekanini eslab boshqacharoq ohangda aytdi: — Hofiz akamning moshinalarini yangi kasalxona yoʻliga haydab borarkanmiz...
— Nimaga?

Yigit «bilmayman» deganday yelka qisdi.
— Mashinasi Asadning mahallasidami?

Yigit bosh irgʻab tasdiq ishorasini qildi.
— Otarchining oʻzi qaerda ekan?
— Bilmayman.
— Telpon qil-chi?

Goʻshakni u tomondan hech kim koʻtarmagach, Kesakpolvon ikki yigitga ijozat berdi. Oʻzi boloxonada bir necha nafas oʻtirib, nima qilish lozimligini fikrladi. Koʻngli gʻalamislikni sezib, yigitlarning izidan bormoqchi boʻldi. «Hoynahoy u yerda Mahmud kutib turgandir, poylab borganimni bilsa, xitlanadi», degan fikrga kelib, shashtidan qaytdi. «Asad yolgʻizdir, borib gaplashay-chi», degan qarorda oʻrnidan turdi. Katta koʻchadan eski mahallaga burilishda Xumkallaning kulrang «Jiguli»sini koʻrib, mashinani toʻxtatdi. Barmoqlarida kalitni oʻynab turgan Xumkalla yangi hojasini koʻrdi-yu, pildirab yurib kelib uning qarshisida paydo boʻldi.
— Nima qilib turibsan? — deb soʻradi Kesakpolvon oʻtirgan yerida.
— Xizmatdamiz, akaxon, — dedi Xumkalla atrofga bir alanglab olgach.
— Qachondan beri?
— Ertalabdan.
— Kim bor?
— Hozir kim borligini bilmayman.
— Akaxoning shu yerdami?
— Shu yerda edilar. Bir soatcha boʻldimi...
— Oʻzi kelib, oʻzi ketdimi?
— Oʻzlari keldilar... Ketishda... orqada Hofiz akamni koʻrganday boʻldim... yana Xudo biladi. Sizdan sal oldinroq bolalar kelishib moshinasini haydab ketishdi.
— Roʻlda akaxoningmidi?
— Yoʻq... Halim.
— Otarchining kelganini koʻruvmiding?
— Koʻruvdim.
— Yana kim keldi?
— Bu tomondan boshqa hech kim. Balki narigi tomondan...

Kesakpolvon «tushunarli» deb eshikni yopmoqchi edi, Xumkalla uni toʻxtatdi.
— Akaxon, bir gap: koʻchaning narigi betida boyvachchaning bollari gʻimirlab yurishibdi. Ular ham peshindan beri shu yerda.
— Boyvachchaning oʻzi koʻrinmadimi?
— Bir koʻringanday boʻldi... Yana Xudo biladi.

«Bular nimadan is olgan boʻlishlari mumkin?»

Xayoliga kelgan bu savolga javob topish uchun fursati yoʻq edi. Shu bois koʻp oʻylab oʻtirmay, haydovchining yelkasiga turtib, «hayda» dedi.

Mashinaning chirogʻi Asadbekning eshigi ogʻzida turgan Boʻtqani yoritgach, chindan ham «bir balo boʻlganini» fahmladi. Shu sababli eski uy qarshisida toʻxtamay oʻtib ketdi. Kesakpolvonning mashinasini tanib peshvoz chiqmoqchi boʻlgan Boʻtqa taraddudlangan yerida ajablanganicha qolaverdi.

Kesakpolvon mahallaning narigi biqinidagi katta koʻchada ham Chuvrindining yigitlarini koʻrgach, «bir balo boʻlganiga» aniq ishonib, iziga qaytdi. Hozir uni birov toʻxtatib, «Hosilboyvachcha shu uyda oʻldirildi» desa, ishonmay, «bor toshingni ter», deb jerkib tashlagan boʻlardi. Uning koʻnglida vahm ilonini qoʻzgʻotgan fikr boshqa: Asadbekka bir narsa boʻlgan-u Chuvrindi otni qamchilab qolgan. Shuning uchun atrofni yigitlari oʻrab turibdi!

Shu fikrga bandi boʻlgan holda mashinadan tushib, Boʻtqaning salomiga alik ham olmay, eshikni zarb bilan ochib, ichkariga qadam qoʻydi. Qadam qoʻydi-yu, hovlida choʻzilib yotgan ikki odam qorasini koʻrib, taqqa toʻxtadi. U «bir balo boʻlganini» sezgan edi, ammo hovliga qadam qoʻyib, ikki oʻlik ustidan chiqaman, deb xayol qilmagandi. Choʻzilib yotganlarni koʻrib, ikkovini ham oʻlik deb oʻyladi. Gʻira-shirada avvaliga ularni tanimadi. Shu sababli eshikka yaqinroq yotganiga engashib qarab, Gʻilayni tanidi. Qoʻl-oyogʻi bogʻlanganidan uning hali tirikligini fahmladi. Keyin yuziga eski qogʻoz parchasi tashlangan Hosilboyvachchani tanib, bir seskandi. Dovon oshib kelayotganida Hosilboyvachcha bilan hufyona uchrashmoqni, gap gapga qovushsa, vaqtinchalik ittifoq tuzmoqni xayol qilgandi. Chuvrindini yoʻldan supurib tashlash uchun shu ittifoq zarur deb topgan edi. Chunki Asadbekning umr shami oʻchib borayotganidan darak topgan Hosilboyvachcha ham tek turmas, bir tomondan Chuvrindi, ikkinchi tomondan Hosilboyvachcha yurish qilsa, orada xarob boʻlishiga aqli yetardi. U xaroblikdan qutulish chorasi deb gʻanim tomonni koʻzladi. Koʻzladi-yu, oradan bir necha soat oʻtib, peshonasi tosh devorga urildi.

U oʻzicha reja oshi masalligʻini tayyorlab kelayotganida bu yerda Asadbek bilan Chuvrindi ish oshini pishirib qoʻyishga ulgurishgan edi.

Murdani tanigani hamon «Nega oʻldirishdi?» degan savol miyasiga urildi. Soʻng «Nega men bilmay qoldim, nega mendan yashirishdi?» degan savol gumonlar poʻrtanasini qoʻzgʻadi. Shundan soʻnggina koʻp yillik doʻsti, ajralmas sherigi yodiga tushib, atrofga alangladi: ichkarida chiroq oʻchiq. Hovlida odam qorasi koʻrinmaydi.

Kesakpolvon xavotirga tushib, atrofni yigitlar qoʻriqlayotganini unutdi. Panjasi biqiniga botib turgan toʻpponcha sari yugurdi. Soʻng beixtiyor ravishda baqirdi:
— Asad!

Nazarida bu ovozdan atrof guldurab ketganday tuyuldi.
— Asad!
— Boʻkirma, bu yoqqa kel.

Qiya ochiq derazadan chiqib kelgan Asadbekning ovozi undagi xavotir alangasini oʻchirdi. Qoʻlini toʻpponchadan olib, uy tomon yurdi.
— Asad, nima boʻldi? — dedi ostona hatlab.
— Hoʻkizga oʻxshab boʻkirma, dedim, senga.
— Asad, nima boʻldi?
— Nima boʻlganini koʻrmadingmi?
— Koʻrdim... Nimaga oʻldirding?
— Oʻlgisi kelgan ekan, oʻldi. Menikiga uni ajali haydab kelgan. Endi sen gapni chuvallashtirmay qoʻya qol.
— Nima uchun mendan yashirding?
— Yashirganim yoʻq. Oʻzing qayoqdagi tezaklarni terib yuribsan? Choyxonangdan chiqib qayoqqa gʻoyib boʻlding?

«Surishtiribdi-da...» — deb oʻyladi Kesakpolvon. Shu fikrning oʻzi uni bir oz tinchlantirdi. «Har holda butunlay surib chetga chiqarmabdi», deb taskin topay deganda Shayton alayhila’na asta kelib qulogʻiga shivirladi: «Bu ishni kecha rejalashtirmagandir? Uch-toʻrt kun pishitgandir? Mahmud bilan fikrlashgandir?..»

Shayton shivirini tilga chiqarmoqchi edi, Asadbek gapirtirgani qoʻymadi:
— Boyvachchani koʻmdir. Gʻilay seniki. Nima qilsang qil: oyogʻidan osasanmi, qaynoq suvga boʻktirasanmi, oʻzingning ishing. Ertalabgacha yigitlari qoʻl qovushtirib, salom beradigan boʻlishsin.

Bu topshiriq shivirlayotgan shaytonni nari surib, yuragiga chiroq yoqdi. Och yotgan ajdaho birdaniga oʻnlab odamlarni tiriklayin yutib qanday rohatlansa, Kesakpolvon shunday huzurlandi. Bu buyruq Kesakpolvon uchun kutilmagan baxt edi. Shu baxt quyoshidan koʻzlari qamashib, iyib ketdi.
— Oʻzing tuzukmisan? — dedi mehribonlik bilan.
— Nima, oldin buzuqmidim? — deb toʻngʻilladi Asadbek.

Gap bir oz sovuq ohangda aytilgan boʻlsa-da, Kesakpolvon buni hazil sifatida qabul etib, doʻstining yelkasidan quchdi.
— Tez boʻl, imillama! — deb buyurdi Asadbek.
— Eshvormagan — nomard! — dedi Kesakpolvon. — Ertalab hammasi emaklab kelib, etagingda namoz oʻqiydi.
— Katta ketma. Isi chiqmasin. Namoz oʻqishlari shart emas, ammo hammasining ogʻzini tikib chiqasan. Bittasi ovoz chiqarsa... keyin mendan xafa boʻlib yurma.

Keyingi gap iyib turgan koʻngilga muz parchalarini sochdi.
— Sen... ogʻayni... oliftagarchilik qilma. Shu paytgacha qaysi ishning isini chiqaruvdim?
— Jirillama!

Kesakpolvonning tili bir qichidi-yu, ammo oʻzini tiydi.
— Xoʻp, jirillamasam jirillamadim, — deb toʻngʻillaganicha tashqariga chiqdi. Koʻcha eshigini ochib, Boʻtqani chaqirdi.
— Manavini bir balo qilib, yukxonaga joyla.

Boʻtqa uchun shu buyruqning oʻzi kifoya qildi. Bir daqiqaning oʻzidayoq qonga belangan murda ikki buklanib, yukxonadan joy oldi. Boʻtqa buyruqni ijro etgach, «yana xizmat bormi, akaxon?» deganday eshik ogʻzida qoʻl qovushtirdi.
— Koʻtar buni, ogʻzini och, — dedi Kesakpolvon Gʻilayga ishora qilib.

Boʻtqa uni tiklab, yiqilmasligi uchun bir qoʻli bilan suyab, ikkinchi qoʻli bilan yelim tasmani koʻchirdi. Gʻilay chuqur nafas oldi.

Kesakpolvon choʻntagidan sigaret chiqarib bittasini Gʻilayning labiga qistirdi-da, yoqqichni yondirdi. Pilik yorugʻida Gʻilayning yuzi yanada xunuk koʻrindi. U och qolgan odamday yutoqib tutatdi. Kesakpolvon yoqqichni oʻchirmadi, pilik alangasini uning jagʻiga tutdi. Jagʻi kuygan Gʻilay boshini orqaga tortdi.
— Shunaqa, ogʻaynichalish, — dedi Kesakpolvon, — xoʻjayinni almashtiradigan vaqt keldi.

Yangi xoʻjayinga tobing bormi yo eskisining orqasidan jiyda-xaltangni koʻtarib joʻnab qolasanmi? Kinolarda koʻrgansan, a? «Xoʻjayinimga sodiqman» deydiganlarning oyogʻidan osib qiynashadimi-ey. Kinodagilar ahmoq, a? Yo sen ahmoqmisan? Sening oyogʻingdan ossam yarashmas, a? Yo kindigingdan kekirdaginggacha tilib, tuz sepsam, mazza qilasanmi? Qoʻy, bunaqa mazzalar ahmoqlarga atalgan. Sen ahmoq emassan. Kimga sodiq boʻlmoqchisan? Oʻlik odamgami? Xoʻsh, endi gapir, kelishamizmi yo otamlashamizmi?

Kesakpolvon uning labidagi sigaretni olib tashladi. Gʻilay yengil yoʻtaldi.
— Qani, endi gapir-chi? Kesakpolvon pilik olovini uning burniga yaqinlashtirdi. Gʻilayning burnidan chiqib turgan tuklarning uchi kuyib, chayonning nishiday gajak boʻlib oldi. Gʻilay pastki labini choʻzib pilik olovini puflab oʻchirdi-da:
— Gap yoʻq, kelishamiz, — dedi.
— Qoyilman, oʻgʻil bola, — dedi Kesakpolvon zaharli jilmayib. Keyin Boʻtqaga buyurdi: — Akangning qoʻl-oyogʻini yech. Qaysi ahmoq bogʻladi oʻzi buni. Men shunaqa oʻgʻil bolalarga besh ketaman oʻzim. Qani, okasi koʻzidan, endi ayt-chi, atrofdagi koʻchaga qancha bola qoʻygansan?
— Toʻqqizta.
— Ular nimaga tuxum bosib oʻtirishibdi, nimaga yordamga kelishmadi?
— Ishora boʻlgunicha kutishlari kerak edi. Bu yogʻi bunaqa boʻlib qoldi.
— Asadni... oʻldirmoqchimidilaring?
— Bu haqda gapirmovdi.
— Unda nimaga keldi?
— Menga ish buyurardi, men bajarardim. Men bilan maslahatlashmagan.
— Odamlaringning hammasini bir yerga toʻplashing kerak.
— Kerak boʻlsa yarim soatda toʻplayman.
— Qitmirlari yoʻqmi? Gʻalva qilishmaydimi?
— Bilmayman. Balki... bu gaplarni aytmaslik ma’quldir ularga?
— Qoyilman, kallang gʻij-gʻij aql-a, toshib ketmaganiga hayronman, — dedi Kesakpolvon kesatib. — «Xoʻjayin bizlarni Asadbekning ixtiyoriga topshirib oʻzi safarga ketdi», deysan. Qaerga toʻplaysan bolalaringni?

Gʻilay shahar chetidagi bogʻni aytdi.
— Yoʻq, — deb e’tiroz bildirdi Kesakpolvon. Keyin bir oz oʻylanib turib oʻziga ma’qul boshqa yerni aytdi-da, Boʻtqaga qarab qoʻydi. Boʻtqa bu qarashning ma’nosini angladi — demak, oʻsha yer yigitlar bilan oʻrab olinishi kerak. Boʻtqa «tushundim» deganday bosh irgʻab qoʻygach, Kesakpolvon Gʻilayni koʻcha tomon boshladi: — Yur, endi. Oshni pishiraylik. Tezroq damlamasak, tagiga oladi.

Kesakpolvon nozaninni kuzatganday Gʻilayning qoʻltigʻidan oldi. Katta koʻchaga chiqishgach, mashina toʻxtadi.
— Bolalaringni chaqir, — dedi Kesakpolvon.

Gʻilay tushib, uch-toʻrt qadam yurgach, qoʻl silkib qoʻydi. Koʻchaning narigi betidagi yigitlardan biri yugurib keldi. Gʻilay unga bir nima degach, u shoshib iziga qaytdi. Bu orada Boʻtqa Xumkallaga hojasining buyrugʻini yetkazdi.

Gʻilay mashinaga oʻtirgach, Kesakpolvon uning yelkasiga qoʻl tashladi.
— Endi akangnikiga kirib oʻtaylik. Bola-chaqasi xavotir olmasin, safarga ketganini aytib qoʻyishing kerak.
— Aka, bir joyga kirib yuzta-yuzta qilib olaylik, bosh yorilib ketay deyapti, — dedi Gʻilay yalinchoq ohangda.
— Boya aytmaysanmi shuni? — dedi Kesakpolvon, soʻng Boʻtqaga buyurdi: — ol, anavi yerda ochilgani boʻlishi kerak.

Boʻtqa peshoyna ostidagi moʻ'jaz yukxonani ochib, bir shisha aroq bilan piyola oldi-da, quyib uzatdi. Gʻilay uni bir koʻtarishda boʻshatgach, chuqur nafas olib qoʻydi.

Kesakpolvon uning ruhiy holatini tushungandek, unga hamdard boʻlgandek mehribonlik qilib, sigaret tutdi. Gʻilay yana bir piyola soʻradi. Uni ham sipqorgach, sigaret tutatdi. Bir necha nafasdan soʻng yana soʻragan edi, Kesakpolvon unamadi.

Gʻilayning shartga osonlik bilan rozi boʻlganidan u koʻp ham ajablanmadi. Chunki sadoqat degan tushunchaning ruhi unga begona edi. «Xoʻjayiniga xiyonat qildi, sotdi», deb ham nafratlanmadi. Chuni «xiyonat — gunoh», degan tushunchadan ham yiroq edi. Agar dunyo teskari aylanib, Gʻilayning oʻrnida oʻzi boʻlib qolgan taqdirda, hech bir ikkilanmagan holda shu yoʻlni tanlagan boʻlardi. Dunyo-ku teskari aylanmas, u Gʻilayning oʻrnida boʻlmas. Lekin Asadbekning qoʻli titrab, niyati amalga oshmay, oʻzi nobud boʻlib hukmronlik supasiga Hosilboyvachcha koʻtarilganida unga xizmat qilaverishi aniq edi. Undagi betayinlikni Asadbek azaldan bilar, shu bois ham koʻproq Chuvrindiga suyanardi.

Kesakpolvon choʻntak kesib yurgan kezlarida Asadbekning bir choʻtalchisi boʻlardi. Seryoʻtalroq, nimjonroq bola edi. Kasalvand boʻlgani uchunmi, Asadbek uning turish-turmushidan xabar olib turardi. Yigitcha ham Asadbekka sodiq edi. Nomi choʻtalchi, asli esa aygʻoqchi edi. Qimorbozlarga xizmat qilib yurib, koʻrgan-bilganlaridan Asadbekni ogoh etib turardi.

Bir kuni Kesakpolvon kattaroq ovni moʻljal qilib, uni yoniga oldi. Ov yurishmadi-yu, ammo yigitcha anqovlik qilib qoʻlga tushdi. «Uchastkovoy aka» deb murojaat qilishlariga koʻnikib qolgan milisa Kesakpolvonni tanir edi. Ta’bir joiz boʻlsa, u vaqti-vaqti bilan Kesakpolvondan «sovgʻa-salom» olib turar, shuning evaziga ba’zi paytlarda, ba’zi koʻchalardan koʻzlarini yumib oʻtardi. Bir kasofat boʻlib, shayton yoʻldan uribmi, koʻzlarini behos ochgan ekan, oʻsha yigitchadan gumonsirabdi. Kesakpolvon «Bu bola bizning ukaxon», deb choʻntagini bir kavlab qoʻysa, olam guliston edi. Shuni istamadi. Chunki «Bu bizning ukaxon» degan uchtagina soʻz tildan osongina uchgani bilan, to gap egasining qulogʻiga yetgunicha choʻntak orqali oʻtishi shart. Kesakpolvon esa mayda oʻgʻriligiga borib, sarf-xarajatdan qochadi. U birovning choʻntagiga qoʻl solsa biron nimani ilashtirib chiqishni xush koʻradi. Oʻz choʻntagidan chiqqan damlarda esa joni sugʻurilganday tuyulib, azoblanadi. Yigitchani qutqarishdan boʻyin tovlaganining ikkinchi boisi — gap chuvalashmasin, dedi. Oʻshanda Asadbek undan norizo boʻlganida «Ikki kishi oʻrniga bitta odam oʻtirgani durust emasmi?» deb oʻzini oqladi. Uning falsafasi shunday edi: ikki kishi oʻrniga bir odam qamalgani yaxshi. Qamalguvchi odam kasalvand boʻlsa ham mayli, qamoqxonada joni uzilsa ham mayli... Kesakpolvon bu «falsafasi» bayrogʻi ostida koʻp ishlar qildi. Bugunga kelib bu bayroq yana koʻtarildi. Faqat yozuv bir oz oʻzgartirildi: Asadbekning mulki ikki kishiga emas, bir kishiga qolishi kerak!

Gʻilayning osongina boʻyin egishi Kesakpolvonda hech qanday tuygʻu uygʻotmadi, demak ham nooʻrindir. Gʻilay qarshilik koʻrsatmagach, Kesakpolvon undan xavotirlandi. Gʻilayning qayoqqa yoki kimga qarayotganini bilib boʻlmaganidek, xayolida qanday shumlik yashiringani ham noma’lum edi. Shu xavotir tufayli koʻchaga chiqishganida «Old tomonga oʻtir», deb Boʻtqaga imo qilgan edi.

Mashina oʻrnidan jilganidan beri xayolning bir ulushi biqiniga botib turgan toʻpponchada, oʻng qoʻli esa qulluq qilganday koʻkragida — toʻpponchani olishga shay edi. Ketma-ket ravishda ming marta, balki undan-da koʻp hariflarining kuragini yerga tekkizgan polvon agar dono boʻlsa, oʻziga bino qoʻymaydi, ming birinchi harifni ham albatta majaqlayman, deb katta ketmaydi. Afsus shuki, Kesakpolvon u dono polvonlar toifasidan emas. Agar Gʻilay tirsagi bilan turtib yuborsa, toʻpponchasi ish bermay qolishi, hatto Boʻtqaning oʻgirilishga ham ulgurolmasligi mumkinligini oʻylamaydi. Uning baxtiga Gʻilayda achinish hissi yoʻq. Boʻlsami edi, Hosilboyvachchaning oʻlimi uning uchun izsiz ketmas, hech boʻlmasa bir harakat bilan oʻch olishga intilar edi.

Hovliga bogʻlab qoʻyilgan it hech mahal «Hojam oʻlsa shu uyga xoʻjayin boʻlaman», deb orzu qilmagani kabi Shomil gʻilay ham «Hosilboyvachchadan keyin uning mulki menga qoladi», deb fikrlamagandi. Agar birov «Hojang yaqinda itday oʻlim topadi, tayyorgarligingni koʻrib qoʻy», deb bashorat qilsami, bir oyli chaqaloqning kallasiday keladigan mushtdan tatib koʻrishi tayin edi. Gʻilayning shu xayolda yurmagani ham Kesakpolvonning baxtidan. Agar mulkka egalik hissi uygʻonsami, bu tuygʻu jon achchigʻiga nisbatan qudratliroq boʻlar, oqibatda uni uncha-buncha zanjir jilovlay olmas edi. Gʻilay qoʻl-oyogʻi bogʻlangan holda, gardanidagi ogʻriqdan azoblanib yotganida hojasini koʻz qiri bilan koʻrib, nima qilishini fikrlagan, oʻzining chorasizligiga amin boʻlgan edi.

Keyingi kunlar ichi Hosilboyvachcha gʻolib odamning qadamlari bilan odimlay boshlaganida Gʻilayning shum koʻngli bir noxushlikni sezgan, uni yoʻldan qaytarishni xayol ham qilgan, ammo hojasi oʻzgalarning maslahatiga yurmasligini bilgani uchun tilini tiygan edi. U buyruqni bajaruvchi soʻqir jangchi edi, uzoqni koʻra oladigan basir sarkarda emasdi.

Mashina Hosilboyvachchaning darvozasi qarshisida toʻxtaganida Kesakpolvon «Tushaver» degan ma’noda Gʻilayga qaradi. Gʻilay oʻrnidan darrov jilmadi. Bir necha soat ilgari bu ostonadan magʻrur holda bosib chiqqan odamning endi bu uyga mutlaq qaytmasligi uning qalbini eza boshladi, demak yolgʻondir. Qalbi ezilmasa-da, bu uyning hojasiz qolgani uning uchun noxush edi. Hozir mashinadan tushishi kerak. Hovliga kirib «kennayi!» deb chaqiradi. (Hosilboyvachcha ham, xotini ham oʻzidan ancha kichik boʻlishsa-da, hojasining hurmatini qilib, «kelin» emas, «kennayi» derdi). Hojasining (endi sobiq hojasining) zavjasi chiqqach, «Akam safarga ketdilar», deydi. Bunaqa hol koʻp boʻlgan. Shu sababli ayol «qayoqqa ketdilar, qachon keladilar?» deb soʻramaydi. Gʻilay uchun shunisi durust.

Kesakpolvon bir necha nafasgina taraddudlangan Gʻilayning yelkasiga «tusha qol» degan ma’noda asta turtdi. Gʻilay unga bir qaragach, mashina eshigini ochdi. Kesakpolvon qoʻliga toʻpponchani oldi.

Mashina bilan uy orasidagi masofaga qil koʻprik tortilgan, Gʻilay shu qil koʻprik ustidan, langar choʻpsiz borardi. Sal ogʻsa oʻlim jariga qulaydi. Kesakpolvon gardaniga urib oʻtirmaydi, tepkini bosa qoladi. Gʻilay buni bilgani uchun ham oshiqcha harakatdan oʻzini tiydi. Hojasi qonga belangan, ikki bukilgan holda mashina yukxonasida yotibdi. Asadbekning mulkiga ega chiqqan holda magʻrur qaytmoqni xayol qilgan odam chorasiz, bir janozaga, bir kafanga, ikki quloch yerga zor yotibdi. Kafansiz, janozasiz ketishi aniq, ikki quloch yerga ega boʻlishi esa Kesakpolvonning «marhamati»ga bogʻliq. U marhamat qilsa, qabristonga tashlab oʻtadi. Goʻrkov egalari unutgan biron eski qabrga joylaydi. Oqibatda biron kampirmi yo cholningmi suyaklari yonida uning jasadi ham chiriydi.

Qutlugʻ tabiatli shoh Jamshid bir buloq boshidagi toshga shunday bitik yozdirgan ekan:

Bul chashmaga bizdek baso lab urdilar,
Keldilar bir lahza, soʻng koʻz yumdilar.
Oldilar dunyoni mardlik, zoʻr bilan,
Eltmadilar, qoldilar bir goʻr bilan...

Haqiqat shulkim, hech kim mulkini orqalab oʻzi bilan u dunyoga olib ketmagan. Shoh Jamshidday zot mulkini goʻriga elta olmaganidan keyin Hosilboyvachchaga yoʻl boʻlsin! Shohning-ku, oʻz goʻri bor edi. Hosilboyvachchada shu ham yoʻq. Birovning qabridan joy tekkaniga ham shukr qilsa boʻlar.

Qil koʻprikdan borayotgan Gʻilay ham, uning har bir harakatini kuzatayotgan Kesakpolvon ham bularni oʻylashmaydi. Birining maqsadi yangi hojalari bilan «yaxshi ishlab ketish», ikkinchisiniki esa mulkka ega chiqish. Iblis ularni oʻz chodiriga shu qadar oʻrab-chirmab tashlaganki, Gʻilay ham, Kesakpolvon, Boʻtqa, haydovchi yigit ham «bizning taqdirimiz yukxonadagi boyvachchanikiga oʻxshasa-chi, goʻrga yetisholmay yukxonada ikki buklanib yotsak-chi?» deb fikr qilishmaydi. Yaratganning oʻzi «Kallaa, innal insana lo yatgʻo. An roa xus tagʻno»[4], deganda shu toifa bandalar nazarda tutilmadimi ekan, vallohi a’lam?

Tangrining emas, erining qudratiga ishonib qolgan, «Bu dunyo faqat yaxshi yeb-ichish, yaxshi kiyinish, toʻy-hashamlarda zeb-ziynatlarni koʻz-koʻz qilib oʻtirish uchungina yaratilgan», deb fikr qiluvchi, «Yashamoqdan maqsad nima?» deb soʻralguday boʻlsa, eri bilan bir xilda «Yashamoqdan maqsad — mazza qilib yashamoqdir», degan javobni qaytaruvchi, husn ila aqlning nomutanosibligini oʻzida mujassam etgan bu ayol Gʻilayning gapiga darrov ishona qoladi. Xavotir hissi koʻnglini zirillatmaydi. Ollohning emas, erining quliga aylangan bu juvondan yana nimani kutish mumkin? Zanglagan temir qafasda oʻtirgan qul bilan tilla qafasdagi qulning farqi bormi? Aslida-ku, ikkovi ham bir — qul! Ikkovi ozodlikdan mahrum. Ammo temir qafasdagisi ozodlikni qoʻmsaydi, tilla qafasdagisi esa bu fazilatdan mahrum. Agar unga ozodlik berilsa ham qafasni oʻzi bilan ola ketishni oʻylaydi.

Shu toifaga mansub bu juvon bir necha qadam narida erining xorlangan holda yotgani, Gʻilay aytgan «safar» indamaslar yurtiga ekani, adoqsiz ekani, oradan oylar oʻtib, haqiqat bulogʻidan suv ichuvchi «mish-mishlar»ga ishonishni ham, ishonmasligini ham; aza ochishni ham, ochmasligini ham bilmay garang yurajagini hozir bilmaydi.

Gʻilay aytadiganini aytib, orqasiga xotirjam qaytdi. U «Endi bu xonadonga qaytmasman», deb oʻyladi. Kesakpolvonning xohishi bilan, yanada aniqroq aytilsa, Asadbekning buyrugʻiga koʻra hojasi «safardan qaytgunicha» hech narsa boʻlmaganday har kuni shu yerda yurishi mumkinligi xayoliga ham kelmadi.

Mashina oʻrnidan jilgach, Kesakpolvon Gʻilayning yelkasiga urib qoʻydi.
— Qoyilman, erkak degani shunaqa boʻladi. Endi, okasi koʻzidan, sen ham charchading, men ham ezilib ketdim. Bi-ir maishat qilmasak yorilib oʻlamiz. Bugungi maishat sendan. Diding zoʻr, deb eshitganman. Qani, marjalaringning mazasini biz ham bir totib koʻraylik-chi...
— Gap yoʻq, okaxon, — dedi Gʻilay.

Gʻilayning «okaxon» deyishi Kesakpolvonga moydek yoqdi. Gʻilay qaysi tomonga yurish lozimligini aytgan edi, Kesakpolvon uning gapini boʻldi:
— Toʻxta, avval akaxoningni joyiga tashlab ketaylik, orqada dimiqib ketgandir, — dedi. Keyin haydovchi yigitga qaysi qabristonga borilajagini tushuntirdi. Yoʻl-yoʻlakay goʻrkovning uyi qarshisida toʻxtab, Boʻtqa shirakayf bir kishini boshlab chiqdi. Gʻilay yonidan joy olgan eski choponli goʻrkovdan irganib yuzini burdi. Ajab hol: odam oʻldirishdan irganmagan Gʻilay odam koʻmuvchidan irgansa?..

Mashina zulmat qoʻynidagi qabriston yonida toʻxtagach, Kesakpolvon Gʻilayga qaradi:
— Tush, akaxoningni kuzatib qoʻy, harholda qadrdon edinglar, yana narigi dunyoda sendan xafa boʻlib, arazlab yurmasin.

Gʻilay bu buyruqqa ham itoat etdi.

Yoʻlga chiqishgan onda Kesakpolvon murdaning qaysi qabristonga eltilganini Gʻilay bilmay qoʻya qolsin, deb oʻylagan edi. Keyin «Bilsin, oʻzi koʻtarib kirsin, «gʻing» desa akaxoni yonidan joy olishini ham bilib qoʻysin» degan qarorga keldi. Gʻilay mashinaga qaytgach, pisanda qildi:
— Bu yerda ancha boʻsh joylar bor.

Gʻilay uning nima demoqchi boʻlganini fahmladi. Garchi ichida «oʻzingga buyursin», deb oʻylasa-da, tilidan boshqa gap uchdi:
— Bu yer menbop emas ekan...

Gʻilay boshlab kelgan maishatxonaga kirib borishayotganda Kesakpolvon uni toʻxtatib, soʻradi:
— Doʻxtirning oldiga sen boruvmiding?
— Qaysi doʻxtir?
— Oʻzingni goʻllikka solma, Asadni koʻrgan doʻxtirni aytyapman.
— Ha, umi... boruvdim.
— Oʻladi, dedimi?
— Shundoq dedi.
— Sen shu gapni akaxoningga aytibmiding?
— Aytuvdim.
— Akaxoning Asadnikiga shuning uchun boruvdimi?
— Yoʻq, bir nima koʻrsatmoqchiydi.
— Nima?
— Qizi shalava boʻlib ketgan. Shuni vidikka oldirgan edi.
— Quloqqa tepma.
— Oʻzim organizovat qilganman.

Kesakpolvon uning kekirdagiga chang soldi:
— Ovozingni oʻchir. Agar akaxoningga ergashishni istamasang, bu gapni esingdan chiqar. Doʻxtirning aytganini ham unut. Asad oʻlmaydi. Doʻxtirning zoʻri bilan gaplashdim. Davolaydigan boʻldi. Akaxoning ahmoq edi. Asad oʻladigan boʻlsa, bu yerda men turibman!

Kesakpolvon shunday deb bir qadam tashladi-yu, toʻxtadi:
— Kasseta kimda, sendami?
— Oʻzida edi...
— Voy ahmoq...

Kesakpolvon orqasiga qaytib Boʻtqani imlab chaqirdi-da, qabristonga qaytib borib murdaning kiyimlarini tintib koʻrishni tayinladi. Boʻtqa eshik tirqishidan qarab Chuvrindining tintiganini, nimalarnidir olganini koʻrgan edi. Shunday boʻlsa ham, Kesakpolvonga gap qaytarmay «xoʻp» deganicha mashinaga oʻtirdi.

Kesakpolvonning «bu yerda men borman!» degan gapiga Gʻilay yaxshi tushundi. Yangi hojasi bir qanotini koʻtardimi, bas, issiq pinjiga kirishi kerak. U ahmoq joʻja emaski, jonsiz tovuqning qanotida umr kechirsa! Shu bois Kesakpolvonga yoqadigan yana bir gap aytdi:
— Hadeb «akaxoning» deyavermang, mening akaxonim — sizsiz!

2

Abdurahmon tabib garchi «sen... valadi zinoga oʻxshaysan», degan gapni jahl ustida bilib-bilmay aytib yuborgan boʻlsa-da, yanglishmagan edi. Kesakpolvon «valadi zino» nima ekanini bilmasdi, shu sababli cholning gapiga tushunmadi, «Bu nima degani ekan?» deb boshini qotirib ham oʻtirmadi. Tushungan taqdirda buni haqorat fahmlab, cholning kekirdagidan olgan boʻlardi. Abdurahmon tabib tiliga kelib qolgani uchun shu gapni aytib yubordi. Hatto Kesakpolvonning oʻziga ham ma’lum boʻlmagan haqiqatni u qaerdan bilsin?

Kesakpolvonning bilgani — otasi urushda halok boʻlgan. Onasi esa... Buning oʻzi bir tarixkim, Kesakpolvon eslashni ham istamaydi. Chuvrindining volidasi vafot etganida «Mahmud, ranjimagin-u, ammo menga qolsa, onangning xor boʻlib yurishlarini, xorlanib oʻlishini, xor boʻlib koʻmilishini videoga olib, televizorda koʻrsatardim. «Bolasini tashlamoqchi boʻlganlar, koʻrib qoʻylaring, erta-indin senlar ham xorlanasanlar», derdim», deb aytgani bejiz emasdi. Bu gaplarni aytmoqqa qalbining ovloq va zimiston yerida yashirinib yotgan bir dard sabab boʻlgan ediki, bu darddan eng yaqin birodari hisoblanmish Asadbek ham bexabar edi. Oʻshanda bu gapni eshitgan Chuvrindi «Haydar akamning ahmoqliklari chegara nima ekanini bilmaydi», deb ranjigan, Asadbek esa «bu qovoq miya qachon oʻylab gapiradigan boʻladi», deb gʻijingan edi.

Kesakpolvon Chuvrindining onasidan nafratlanardi. Shilimshiqning onasini esa koʻrgani koʻzi yoʻq edi. Ular haqida biron soʻz eshitsa oʻz onasini eslab, gʻazabdan titrab ketardi. Holbuki... uning onasi boʻlak taqdir egasi edi.

Bu oʻrinda Tangri Taoloning «Ey Odam, sen oʻz jufting bilan jannatni maskan tutgʻilkim, unda koʻnglung nimani tusasa taomlangʻil, osh boʻlsin, ammo mana bu daraxtga zinhor yaqin kelmagʻil, yaqin kelsang zolimlardan boʻlursan», degan muqaddas kalomini eslamogʻimiz joizdir. Yaqinlashmoqlik man' etilgan mazkur daraxt nafs uchun bir sinovdirki, bu balo gʻolib kelguday boʻlsa odam bolasi umrining oxiriga qadar qaqshaydi. Ne ajabki, Odam bolalari buni bilsalar-da, necha ming yillardan beri bu daraxtga yaqinlashaveradilar, unga intilaveradilar. Bu intilish esa «sevgi-muhabbat tuygʻusi», degan choyshabga oʻrab e’zozlanadi. Yaratganga boʻlgan muhabbatdan koʻra bu tuygʻu koʻproq sharaflanadi. Bu tuygʻuning olib borar manzili bittagina — toʻshak... Toʻshakdagi oniy farogʻatni boqiy farogʻatdan afzal biluvchilar oʻzlariga zulm qilayotganlariga fahmlari yetsami edi...

Mohichehra — Kesakpolvonning onasi hayotining eng shirin pallasida shu toifa yurguvchi koʻchaga adashib kirib qolganlardan biri edi.

Togʻ yonbagʻrida joylashgan qishloqlarida bunday noxush voqealar kamdan-kam sodir boʻlardi. Qariyalar toshboʻron qilingan yigit-qizlarning taqdiridan hikoya qilardilar, ammo bu voqea shu qishloqda boʻlganmi yo uzoq qishloqdami — aniq bilishmasdi. Oʻzlari esa bunaqa sharmandalikning guvohi boʻlishmagan edi. Shu bois ham Mohichehra qishloqdan bosh olib ketishga majbur boʻlgandi. Urush bahona boʻlib, uning avval shaharga, soʻng janggohga ketishining sababini birov bildi, birov bilmadi. Birov ishondi, boshqasi ishonmadi...

Oʻninchini bitirgan, ismi jismiga monand — oy yuzli durkun qiz harbiy xizmatdan qaytib maktabdagi kashshoflarga yetakchilik qilayotgan yigitni sevib qolgan edi. Mohichehra yigitga oʻgʻrincha tikilar, Yetakchi esa unga suqlanib boqardi. Uning koʻnglida yomonlik yoʻq, aksincha, otasining yili oʻtgach, Mohichehraga sovchi yubormoqni umid qilar edi. Sirli qarashlar nomus chegarasiga yaqinlashgan damlarda ularni bugʻdoy oʻrimiga joʻnatishdi. Xumor boqishlar ana oʻsha yerda chegaradan chiqdi. Oʻsha daraxtning mevasi ularning tuygʻulariga egalik qilib, nafs sinovida gʻolib keldi-yu, pokiza toʻshak emas, bir uyum somon ustiga boshladi. Yozning farahli kechalarida ular iblisga bor vujudlari bilan bandi boʻldilar.

Oʻsha totli kunlarda qishloqdagilar ular uchun noma’lum boʻlgan sabab bilan daraklamay qoʻyishdi. Oziq-ovqatlar tugay boshlagach, Yetakchi xabar olgani qishloqqa joʻnadi. Tongda yoʻlga chiqqan yigit oqshomga qadar qaytishi lozim edi. Mohichehra uni koʻzlari toʻrt boʻlib kutdi. Ertasiga ham, indiniga ham... Darak boʻlavermagach, xavotirlanib qishloqqa qaytdi-yu urush boshlanganini eshitdi. Mohichehra bu xabardan emas, Yetakchining urushga joʻnatilganidan dahshatga tushdi. U urushning nima ekanini, el boshiga qanday kulfatlar keltirishini bilmas edi. U urushning sovuq nafasidan emas, sharmandalikning vujudni kuydiruvchi olovidan titrar edi. «Fashist zangʻarni bir-ikki oyda enasinikiga kiritib qaytib kelishadi», degan umidli gaplarga ishonib, kutishdan oʻzga chorasi yoʻq edi.

Ikki oy oʻtdi, uch oy... «Fashist zangʻar enasinikiga kirishga» shoshilmadi. Umidli gaplar oʻrnini vahimali mish-mishlar egalladi. Bu orada mish-mishlardan ham vahimaliroq, dahshatliroq voqea yuz berdi— koʻngli aynib, holsizlanib yurgan Mohichehra yukli ekanini fahmladi. Fahmladi-yu, qishloqdan ketishdan oʻzga chorasi yoʻqligini bildi.

Haydar — Kesakpolvon shaharda tugʻildi. U urushdan titrayotgan dunyoni tezroq koʻrishga shoshildimi yo onasining sharmandali yukdan tezroq holi qilishni istadimi, harholda muddatidan ertaroq tugʻildi. Kattaroq telpakka sigʻishi mumkin boʻlgan darajadagi mitti chaqaloqning bu dunyoda yashab qolishi gumon edi. Lekin bu valadi zinoning jussasi kichik boʻlsa ham umri qisqa emas ekan. U yoshiga toʻlmay turib, hali erga tegmagan onasining «tugʻib qoʻygani» haqidagi xabar qishloqqa yetib bordi. Bu sharmandali xabar qishloqqa bordi-yu, oʻrniga Yetakchining halok boʻlgani haqidagi shum xabar qaytdi. Mohichehra sharmandali yukni koʻtarib yurishga chidamadimi yo chindan ham «fashistdan oʻch olmoq» qasdidami, harholda urushga joʻnavordi. Hatto ijarada turgan uy bekasiga ham aytmadi. Ijara pulini toʻlarmikin, deb kutayotgan ayolga shu bola qoldi. Ayol taqdirga tan berib bir necha oy boqdi. Keyin... bolalar uyiga topshirdi...

Kesakpolvonning tili bolalar uyida chiqdi. Bolalar uyida atak-chechak qildi. Bolalar uyida esini tanidi. Asosiy hunari — oʻgʻirlikni ham shu yerda oʻrgandi.

Urush oyoqlab boʻlgan, ammo dunyo tashvishlari ozaymagan edi. «Urush tamom boʻlsa ota-onam kelib, meni olib ketadi», degan umid bilan ulgʻayayotgan bolalar, tushlarida ota-onalarini koʻrib, tongda koʻz yoshi bilan ulgʻayayotgan dili poralarning yorugʻlik kunidan esa darak yoʻq. Yoshi kattaroq bolalar «Ota-onalarimiz urush asoratlarini tugatish uchun uzoqlarda mehnat qilishyapti» yoki «Bizni qidirishyapti» deb oʻzlariga oʻzlari tasalli berishardi. Urush nima ekanini, uning asorati ne ekanini bilmaydigan, tasavvur ham qila olmaydigan Haydar — boʻlajak Kesakpolvon esa ularga qoʻshilib umid quyoshidan bahra olardi. U otasining oʻgʻil farzandli ekanidan, oʻzidan haromi boʻlsa-da, zurriyod qolayotganidan bexabar hayotdan koʻz yumganini, onasining esa behush holda asirga tushganini, urush tugab, asirlikdan qutulib, «Vatan xoini» degan la’nat tamgʻasi bilan tumanli, sovuq oʻlkalarda azob chekayotganini, Haydar deb ism qoʻyib, begonalar qoʻliga tashlab kelgan bolasini sogʻinayotganini, tonglarni koʻz yoshlari bilan qarshilayotganini bilmas edi.

Bolalar umid quyoshiga sigʻinib yurgan kezlarida ularning saflariga sakkiz-toʻqqiz yoshlardagi bir bola qoʻshildi. Nonushta chogʻida u Kesakpolvonning yonida oʻtirdi. Berilgan nondan bir-ikki tishlagach, qolganini choʻntagiga yashirdi.
— Noningni nimaga yemading? — deb soʻradi Kesakpolvon.

Bola javob bermadi.

Kesakpolvon uning biqiniga turtib yana soʻragach, bola yon-atrofga bir olazarak boʻlib olib, soʻng past ovozda dedi:
— Oyimlarga beraman.

Bu gap Kesakpolvonni xayratga soldi:
— Hali oying bormi?
— Oʻzingniki yoʻqmi?
— Mening oyim urushda.
— Urush tamom boʻlgan.
— Urush asoratlarini tugatyapti.

Bola «Qanaqa asorat? Gapingga tushunmadim?» deganday qarab qoʻydi. Yaxshiki «asoratlaring nima oʻzi?» deb soʻramadi. Soʻragandami, Kesakpolvon qanday javob qaytarishni bilmay gangib qolgan boʻlardi.

Toʻyib ona sutini emmagan, toʻyib non yemagan Kesakpolvon bolaning bu qiligʻiga tushunmadi.

Ular panjaraga yaqin yerda oʻynar edilar. Oʻzlari oʻyin bilan band, koʻzlari esa bir arava arang sigʻadigan koʻchada boʻlardi. Shu koʻchadan ularga non olib kelishardi! Toshbaqani eslatadigan usti yopiq toʻrt gʻildirakli arava koʻrinishi bilan barchalarining zimiston yuraklariga chiroq yoqilar, «Non kelyapti! Non! No-on!!» degan baxtiyor ovozlar yangrardi. Har safar ularning nazarida arava koʻproq non keltirayotganday boʻlardi. Shu umid bilan yemakxonaga kirishib, yana oʻsha hajmdagi burda nonni koʻrishgach, «Nega koʻproq olib kelmaydi?» deb oʻylashar, enagalarining «Sabr qilinglar bolalar, urush tugasin, toʻyib-toʻyib non yeymiz», degan gaplariga ishonishardi. Urush tugasa ham toʻyib non yeya olmayotgan, hanuz non tashiydigan aravani kutayotgan bolalar sabrga koʻnikib qolgan edilar. Ana shu sharoitda bolaning bir-ikki tishlam nonga qanoat qilishi Kesakpolvon uchun ajab hol edi. U «Bola aldayapti, hali berkitiqcha yeb oladi» deb poyladi. Yoʻq, bola aldamadi, ertasiga ham, indiniga ham nonni yashirdi. Uni kunda poylayotgan Kesakpolvonning sabri ortiq chidamadi. Nonni oʻgʻirlab yedi! Biram rohatlandi, biram rohatlandi!.. «Oʻgʻirlik rohat keltiradi», degan tushuncha oʻshanda tugʻildi. Tugʻildi-yu, ongiga muhrlandi. Oradan yillar oʻtib ham bu tushuncha zarracha oʻzgarmadi.
— Anov bola meni oʻldirmoqchi, — dedi ezgin ohangda. Bu ohang zamirida «Men oʻlib ketsam sen aygʻoqchisiz qolasan», degan ma’no ham yashiringan edi. Homiy buni angladimi yo aygʻoqchisiga rahmi keldimi, harholda bolaning ta’zirini berib qoʻymoq uchun chaqirdi:
— Bu yoqqa kel, dushman bolasi, — dedi Homiy.
— Men dushman bolasi emasman! — dedi bola titroq ovozda.

U yarim kechada notanish odamlar kelib, onasini usti yopiq qora mashinada olib ketishganini biladi. Onasiga «sen xalq dushmanining xotinisan, demak, sen ham dushmansan!» deyishganini eshitgan, ammo bu ayblovning ma’nosiga tushunib yetmagan edi. Hozir bu ayblovni Zoʻrning tilidan eshitib, yuragidagi yara tirnaldi.
— Mening oyim doʻxtirlar, dushman emaslar! — dedi ovozini bir oz koʻtarib.
— Oʻchir! — dedi Homiy rasta ovozda. — Buni nega oʻldirmoqchisan?
— Nonimni oʻgʻirladi.
— Qanaqa non?
— Dushman oyisiga yigʻayatuvdi, yoʻqotib qoʻyibdi, — dedi Kesakpolvon, «dushman» soʻziga urgʻu berib.
— Bu dushmanning ishi! Sen yetimlarning haqini dushman onangga bermoqchi boʻldingmi?! Seni bolshevikchasiga tarbiyalashimiz kerak. — Homiy qanday tarbiya qilishni bir oz oʻylab olgach, qat'iy tarzda hukm chiqardi: — Har kuni noningning yarmini menga berasan!
— Bermayman, — dedi bola.
— Bermasang — oʻlasan!
— Oʻlsam ham bermayman. Sen — tekinxoʻrsan!

Homiysi oldida botirlashgan Kesakpolvon bolaning kekirdagiga chang soldi.

Xulosa shuki, bola nonining yarmini bolshevikcha tarbiya uchun qurbon qilishga majbur boʻldi. Yarmini esa... onasining haqiga xiyonat qilmadi, oʻzi yemay, yigʻaverdi. Kunlar oʻtgani sayin u holdan toyib, ranglari sargʻayaverdi. Bir kuni oshxonaga kiraverishda boshi aylanib, yiqildi. Uni kasalxonaga olib ketdilar. Bolani boshqa koʻrmadilar. Uning ahvoli, taqdiri bilan qiziqmadilar...

Vaqt oʻtib, qorin nonga toʻyadigan kunlar ham keldi. Voyaga yetib, bolalar uyidan uchirma boʻlgan bir Zoʻrning oʻrnini ikkinchisi egallayverdi. Shu zaylda Kesakpolvonning homiylari ham oʻzgaraverdi. Yozilmagan qonun asosida yangi Zoʻr salafining ishini risoladagiday davom ettirardi. Yosh ulgʻayishi yoki Zoʻrning xohishi bilan ayrim bolalarning vazifalari oʻzgarardi. Boshqalar aygʻoqchilikni durust eplasha olmasmidi, yo bu «vazifa»dan hazar qilisharmidi, harholda Kesakpolvon bu kasbidan uzoqlashmadi.

U ba’zan martabasi koʻtarilmayotganidan afsuslanardi. Ammo boshqa vazifalarga nisbatan aynan uning — aygʻoqchining Zoʻrga yaqinligi tasalli berardi. Aynan shu yaqinlik tufayli bir kunmas bir kun Zoʻrning oʻrnini egallashi mumkinligiga aqli yetib turardi.

Muddaosi sari yaqinlashayotgan damda kimningdir istagi bilan bu bolalar uyi yopildi. Ular turli bolalar uylariga tarqatildilar. Kesakpolvon katta shaharga shu zaylda keldi. Asadbek bilan ham shu bahonada tanishdi. Aniqrogʻi, Asadbek oʻqiydigan sinfga kelib, eng oxirgi partaga, boʻyi boshqalarnikidan uzunroq boʻlgan bola yoniga oʻtirdi. Qovogʻini solib, tumshayib oʻtiradigan bu bolaning ismi Asad edi. Kesakpolvon uning boʻyiga, avzoyiga qarab, «Zoʻri shu boʻlsa kerak», deb oʻylab yanglishmadi. Asadbek boshqalarni huda-behuda urmasa ham, soʻkmasa ham yoshi kattaroq boʻlgani uchun undan hayiqishardi. Kesakpolvon uning maktabga kechroq chiqqanini, otasi qamalgan yili esa sinfda qolganini dastlabki kezlar bilmasdi.

Bir kuni sinf rahbari kirib Asadbek bilan Kesakpolvonni oʻrinlaridan turgʻizdi.
— Turdialievning perosini qaysi biring oʻgʻirlading? — dedi gʻazabli koʻzlarini ularga tikib.

Bu davrga kelib Kesakpolvon koʻzlarini loʻq qilib qarashning ustasi boʻlib qolgan edi — oʻqituvchiga «Bunaqa gapdan xabarim yoʻq», deganday bezrayib qarab turaverdi. Oʻgʻirlikni or deb bilgan Asadbek esa bunday qila olmadi. Gumonning oʻziyoq uni uyatdan bosh egishga majbur etdi.
— Men oʻgʻri emasman, — dedi u oʻqituvchiga tik qaray olmay.

Shu zahoti uning yuziga shapaloq tushdi:
— Sen, unsurning bolasi, menga toʻngʻillama. Dars tugaguncha peroni joyiga qoʻymasang — qamalasan! Endi hamma turib, xalq dushmanining oʻgʻliga, oʻgʻriga oʻz nafratini izhor qilsin!

Kesakpolvon nafrat qanday izhor qilinishini bilmas edi. Otasi qamalganidan beri bunday xorlik tuzini tatib koʻrayotgan Asadbek qochmoqchi boʻldi. Ammo sinf rahbarining omburday qoʻllari qulogʻini burab, joyidan jildirmay qoʻydi. Bolalarning ayrimlari unga yaqinlashib, tap tortmay tupurdilar. Ayrimlari esa qoʻrqa-pisa «tuf» deb oʻtdilar. Sinf rahbari istamayroq tupurganlarni toʻxtatib, nafratni astoydilroq izhor etishga majburladi. Shu zaylda nafratlar izhor etilib boʻlingach, sinf rahbari Kesakpolvonga qarab:
— Sen-chi? — dedi.

Dushmanlar roʻyxatiga tushib qolmaslik uchun Kesakpolvon ham tupurdi. Bu dunyoning ajabtovurligi shundaki, valadi zino halolga, oʻgʻri toʻgʻriga tupurdi! Kesakpolvon boshqalarga qoʻshilib «nafratini izhor» etdi-yu, «Hali bu abjagʻimni chiqarmasa edi», deb qoʻrqdi.

Tanaffus paytida sinfning zoʻri boʻlmish Asad bolalarni chertmadi ham, soʻkmadi ham. Hovliga chiqib, daraxtga suyanganicha ma’yus holda turaverdi. Ertaga qichishi mumkin boʻlgan yerini bugun qashib qoʻyishni oʻrganayotgan Kesakpolvon unga qoʻrqibgina yaqinlashdi.
— Ogʻaynichalish, sen mendan xafa boʻlma. Agar tuflamasam mendan koʻrardi.

Asadbek oʻziga nisbatan yoshi ham, boʻyi ham qisqa bu bolaga bir qarab oldi-yu, indamadi.
— Peroni sen olmagansan. Otang dushman boʻlgani uchun...
— Mening otam dushman emas! — dedi Asadbek oʻqrayib. Uning mushtlari tugilib, vajohati oʻzgardi. Bolalar tupurayotganda bunaqa holga tushmagan edi.
— Men dushman demadim-ku! Ular shunaqa deb oʻylasharkan-da. Sinfda bir narsa yoʻqolsa yo sendan, yo mendan koʻrishadi. Men detdom bolasiman. Demak, men ham yomonman.
— Yomonliging toʻgʻri. Peroni sen olgansan.
— Yoʻ-oʻq, olganim yoʻq.
— Olding. Oʻzim koʻrdim.
— Koʻrgan boʻlsang... unda nimaga aytmading?
— Men sotqin emasman. Senga oʻxshagan oʻgʻri ham emasman...
— Meni oʻgʻri deyapsanmi?.. Ha, mayli, oʻsha perosini men oldim. Berib tur, desam bermadi. Bermagandan keyin olaman-da. Agar oʻzi yoʻqotib qoʻyganida ham baribir bizdan koʻrishardi. Undan koʻra oʻzimiz olganimiz yaxshi emasmi? Ma, — u shunday deb choʻntagidan pero chiqarib uzatdi, — egasiga ber. Yana qamatib yurmasin.
— Oʻzing ber.
— Men nima deb beraman?
— Oʻgʻirladim, deysan.
— Sendan koʻrishyapti, oʻzing berganing yaxshi.
— Men bersam, men oʻgʻirlagan boʻlib chiqaman.

Kesakpolvon bu gapni eshitib, birpas oʻylandi-da, «Gaping toʻgʻri, shu yerda tur», deb nari ketdi. Turdialiev degani doimo ozoda kiyinib, boʻyniga shohi qizil galstuk taqib yuruvchi nimjonroq bola edi. Kesakpolvon uni chaqirib, panaroq joyga boshladi. Ammo juda xilvatga oʻtishdan oʻzini tiydi. Asadbekning shu tomonga qarab turganiga ishonch hosil qilgach, avval yaxshilik bilan gap boshladi:
— Peroyingni Asad oʻgʻirlaganini koʻrdingmi?
— Yoʻ-oʻq, — dedi Turdialiev.
— Boʻlmasa direktoringga kirib ayt, peroimni yoʻqotib qoʻygan ekanman, topdim, de.
— Senga nima? Seni oʻgʻri qilmadik-ku?
— Oʻgʻri menman! — Kesakpolvon shunday deb uning kekirdagiga chang soldi: — Yo aytasan, yo oʻlasan! Men detdom bolasiman, a? Aytasanmi yo yoʻqmi?

Esxonasi chiqib ketgan Turdialiev xirilladi:
— Aytaman, qoʻyvor endi.

Kesakpolvon choʻntagidan uch-toʻrt pero chiqarib unga uzatdi:
— Tanlab ol, qaysi biri seniki?

Turdialiev titroq barmoqlari bilan otasi Moskvadan olib kelgan peroni tanlab oldi.
— Buni eskitib qoʻyibsan. Ertaga menga yangisini olib kelasan. Toʻxta, yana bitta gap bor: sinfda yigirma ikkita bola bor, a? Har bitta boladan besh tiyindan toʻplab berasan.
— Nimaga?
— Tupurganlaring uchun. Bitta tupurish besh tiyin. Sen oʻzing oʻn besh tiyin toʻlaysan. Seni deb boʻldi hammasi. Bilib qoʻylaring: gʻiring desalaring — soʻyaman! Bitta-bitta ushlab soʻyaman. — U shunday deb choʻntagidan buklama pichoqcha chiqargach, Turdialievning koʻzlari ola-kula boʻlib ketdi.

Shu voqea bahonasida u oʻzi ham kutmagan holda sinfning zoʻriga aylanib qoldi.

Asadbek undan anchagacha nafratlanib yurdi. Kesakpolvon uning nafratini sezib turar, ammo bu nafratni uygʻotuvchi omilni idrok qila olmas edi. Garchi Asadbek «dushman bolasi» tamgʻasi ostida yursa-da, uning boshqa olam farzandi ekanini tushunmasdi. Tushunmoq uchun esa oʻzining valadi zino ekanini bilmogʻi lozim edi.

Maktabda, xususan, ularning sinfida oʻgʻirlik davom etar, chuv tushgan ayrim bolalar yonida pichoqcha olib yuruvchi bu «detdomchi»dan qoʻrqishib indashmas, ayrimlari arzi hol qilgan taqdirlarida ham undan gumonlari borligini bildirishmas edi. Asadbek yana ikki karra nafrat nishoniga aylangach, Kesakpolvon uni tartibga chaqirmoqchi boʻldi:
— Ikkitasini boplab abjagʻini chiqargin, keyin tuflamaydigan boʻladi. Nima, qamalishdan qoʻrqasanmi? Bunaqa turgandan koʻra qamalib ketgan ming marta yaxshi.

Bu zaharli gapdan keyin Asadbek «yorildi»:
— Qamoqdan qoʻrqmayman, — dedi u. — Men qamalib ketsam oyimlarga kim qaraydi?

Kesakpolvon Asadbekning bu dardiga ham tushunmadi. Ona sutiga, mehriga qonmagan, qalbi «onaga muhabbat» degan tuygʻudan holi bu bola ona huzuridagi mas'uliyat, burch degan tushunchalarni idrok qilishi mumkin ham emasdi.

Kesakpolvon oʻsha onlarda yuqori sinflarda oʻqiydigan zoʻrlarga ham yaqinlashishga harakat qildi. Ulardan bir-ikki tepki yegach, bu yil boʻlmasa kelasi yili maktabning mutlaq zoʻri martabasiga yetuvchi Asadbekdan durustrogʻi yoʻq ekaniga ishondi. Asadbek «Sen bola, oʻgʻirlik qilma!» deb urganida ham ranjimadi. Asadbekning koʻngli sovib, gaplashmay qoʻygan kezlarida esa yuqori sinfda oʻquvchi Jalilni ishga soldi. Toʻgʻri, avvaliga Asadbek bilan Jalilning oralaridan qil oʻtmas darajadagi doʻst ekanliklarini bilib, gʻashlandi. Oʻzini Jalilning oʻrnida koʻrishni istadi. Ammo bu doʻstlikni uncha-buncha kuch buzolmasligini bilgach, Jalildan foydalanadigan boʻldi.

Bolalar uyidagi hayoti oyoqlab, «katta hayot»ga uchirma boʻlishga hozirlik koʻrib yurgan kezlari bir ayol keldi. Tarbiyachilar uni «Sening onang», deb tanishtirishdi. Ayol yigʻlamsirab «Bolam!» deganicha uni bagʻriga bosdi. Kesakpolvonning eti hatto jimirlamadi. Bir paytlar bolalarga qoʻshilib onasini kutgan Kesakpolvon boʻzlayotgan bu ayolning onasi ekanini his eta olmasdi. Ayol shu sogʻinch, shu boʻzlash bilan xarsang toshni quchib mehrini bersa, balki tosh erib ketardi. Lekin Kesakpolvon oʻshanda qilt etmadi.

Onasi urush ofatlarini, asirlik azoblarini, qamoq jafolarini aytib yigʻlardi. Kesakpolvonning esa kiprigi qilt etmasdi. Kesakpolvon toshdan ham qattiqroq edi — yorilmadi.

Onasi «uyga olib ketaman», dedi. «Baribir qaerdadir yashashim kerak-ku», deb koʻndi. Jangda jarohatlanib asirga tushib qolgan, urushdan keyin qamalgan onasi Sibirda oʻziga oʻxshagan odam bilan topishgan ekan. U «Xohlasang «dada» de, xohlasang «Toshmat aka» de», deb oʻzini tanishtirdi. Oʻz onasini «ona» deya olmaydigan odam begonani «dada» dermidi? «Toshmat aka», deyaverdi. Toshmat aka deganlari juda injiq ekan. Kesakpolvonning har qadamini kuzatadi. «Unday qilma, bunday qil», deb aql oʻrgataveradi. Bu ham yetmaganday, kechalari baqirib, kimlarnidir jangga boshlaydi. Xullas, bu hayoti joniga tegib, uydagi qoʻlga ilinarli narsalarni oʻmardi-yu, gʻoyib boʻldi.

Kesakpolvon onasini tushunmadi. Tushunishi mumkin ham emasdi. Onasi esa gʻolib nafsning lahzalik rohati uchun bu dunyodagi umrini qurbon qilganini anglab yetdi. Shu bois oʻgʻlini boshqa qidirmadi...

VI bob

1

Zohid «Yoshligida Jamshid Sunnatullaevga oshiq boʻlgan bu xonim kim ekan?» degan qiziqish

bilan muovinning eshigini asta taqillatdi. Ichkaridan «Bandman!» degan ingichka ovoz eshitildi. Zohid odob yuzasidan picha kutdi. Soʻng yana taqillatdi. Ichkaridan bu safar «Bandman!» degan ovoz zardali ohangda keldi. Zohid bu zardaga parvo qilmay eshikni qiya ochdi-da «Mumkinmi?» dedi.
— Bandman, kuting, — dedi muovin jahl bilan.

Zohid bu gapni ham eshitmaganday eshikni kattaroq ochib, ostona hatladi. Xona toʻridagi katta stolga tirsagini tirab oʻtirgan jikkakkina, qaldirgʻoch qanotiday qayrilma qosh ostidagi dumaloq koʻzlaridan qahr yogʻilib turgan ayol «Bu bezbet yigit kim boʻldi ekan?» deb oʻylab ham oʻtirmadi.

Uning huzuriga turli yumush bilan turli toifa odam kelib turardi. Bular orasida muloyimlari ham, bezbetlari ham, shirinsoʻzlari ham, toʻnkamijozlari ham boʻlardi. U barchani bir tarzda — qoshlarini chimirgan holda qabul qilardi. Faqatgina gap orasida husnini maqtab oʻtuvchi erkaklargagina bir jilmayish hadya etib qoʻyar edi.

Agar Zohid shoirtabiat boʻlganidami, «Bu ohu koʻzlarga gʻazab emas, kulib turish yarashadi», degan gaplar bilan koʻnglini ovlardi. Zohid shoirtabiat ham emas, bu ayolning koʻnglini ovlash niyati ham yoʻq. Bundan tashqari xonasiga kiruvchini it kabi qopadigan rahbaru rahbarchalarga azaldan tobu toqati yoʻq. U ichkariga bir qadam qoʻyishi bilan muovin jahl bilan oʻrnidan turdi:
— Sizga «Bandman!» dedim?!
— Eshitdim, — dedi Zohid. — Afsuski mening vaqtim ziqroq, boshqa kutolmayman.
— Mening ham vaqtim ziq. Sizni qabul qila olmayman.
— Vaqtingiz boʻlmasa ham bostirib kirishga majburman. Xizmatim shunaqa. — Zohid shunday deb unga yaqinlashdi-da, hujjatini uzatdi. Muovin guvohnoma bilan tanishgach, shashtidan qaytdi. Oʻrniga oʻtirdi. Ammo jiddiyligini yoʻqotmadi, qoshlarini chimirgan holda:
— Xizmat? Biz nima gunoh qilibmiz? — dedi.
— Gunohingiz yoʻq. Bir ishga aniqlik kiritishda yordam bersangiz?
— Marhamat, soʻrang. Faqat imillamang, vaqtim ziq.
— Siz... Jamshid Sunnatullaev degan yigitni tanirmidingiz?

«Tanirmidingiz?» degan soʻz muovinga «oʻsha voqeani eslaysizmi?» degan pisandaday tuyulib, yuragi shuv etib ketdi. Chimirlagan qoshlari asl holiga qaytdi. «Shuncha yildan keyin nimaga kavlashtirib keldi?» degan oʻy uni muovinlik shohsupasidan oddiy gunohkor banda holiga bir zumgina tushirdi. Yillar boʻyi vujudini boshqarib kelayotgan kibr bu oniy chekinishdan gʻolib chiqib, uni yana oʻsha shohsupaga koʻtardi. U yana qoshlarini chimirdi:
— Kim dedingiz? Eslolmayapman?
— Nahotki?— Zohid ajablanganday unga tikildi.— Sizni zoʻrlamoqchi boʻlgan yigit... Qamalib ketgan.
— Ha, umi... ancha yil boʻldi. Esimdanam chiqibdi.
— Qiziq?
— Nimasi qiziq?
— Bunaqa voqea esdan chiqmasa kerak deb oʻylarkanman.
— Yana nimalarni oʻylaysiz? — dedi Muovin piching aralash zarda bilan. — Yoshligimda bunaqa yigitlardan mingtasi atrofimda ilakishib yurardi.
— Buni bilmadim... Balki mingtadan ham koʻproqdir. Lekin ularning hammasi qamalmagandir? Bunaqasi bittadir?
— Balki bittadir... Qani, gapni aylantirmay, maqsadingizni ayting.
— Sunnatullaevni oxirgi marta qachon koʻrgan edingiz?
— Beting qurgʻurni oʻsha suddan keyin koʻrmadim.
— Keyin... qamoqdan chiqqanidan keyin ilakishmadimi?
— Keyin koʻrganim yoʻq.
— Siz uning taqdiri bilan qiziqmadingizmi?
— Nimaga qiziqishim kerak ekan?
— Axir... otasi bilan birga ishlar edingiz?
— Ishlar edik. U odam ishdan boʻshab ketgan.
— U odam hozir ogʻir kasal emish?
— Boʻlsa bordir. Issiq jon...
— Ha, issiq jon... Sunnatullaevni oʻldirib ketishibdi, eshitmadingizmi?
— Men oʻldirmabmanmi, ishqilib?
— Yoʻq, sizmasdirsiz.
— «Sizmasdirsiz?» Nima demoqchisiz?

Zohid koʻmirga aylangan murda suratini choʻntagidan olib, unga uzatdi:
— Bunaqa ish sizning qoʻlingizdan kelmasa kerak, demoqchiydim.

Muovin Jamshidning oʻlganini eshitgan, ammo bunday vahshiylik sodir boʻlganini bilmagan edi. Suratni koʻrib bir choʻchib tushdi. Uni bu noqulay ahvoldan moʻ'jaz reproduktordan kelgan ovoz qutqardi:
— Markazkomdan shoshirishyapti, xat tayyor boʻldimi?

Muovin shoshib mikrofonga engashdi:
— Yoʻq, opajon.
— Nimaga choʻzyapsiz? Bu masala plenumga qoʻyilishini aytdim-ku sizga!
— Prokuraturadan bir oʻrtoq kelib, meni soʻroq qilyapti.
— Huzurimga kiring. Tez boʻling.

Muovin «eshitdingizmi?» deganday qoshlarini chimirdi-da, betakalluf tarzda xonadan chiqdi. Bir necha daqiqadan soʻng ancha dadillashgan holda qaytib, joyiga oʻtirdi.
— Yana nimani soʻrab bilmoqchisiz?
— Sunnatullaev sizni zoʻrlamoqchi boʻlgan oʻsha ishda siz tergovchiga «Undan qochaman, deb oʻzimni derazadan tashladim», degansiz. Sudda esa «Derazadan itarib yubordi», degansiz. Qaysi biri toʻgʻri?
— Bu odamning oʻlimiga mening koʻrsatmalarimning nima dahli bor? Siz qotilni qidiryapsizmi yo eski goʻngni tityapsizmi? Maqsadingiz nima?
— Siz savolimga javob bermadingiz?
— Javob bermayman ham. Qandaydir tergovchining bema’ni savollariga javob qaytarishga toqatim ham, vaqtim ham yoʻq.

Zohid qayrilma qosh bu Muovinning bu tarzda dadillashishi sababini bilmay turganida telefon jiringlab masalaga oydinlik kiritdi. Muovin telefon goʻshagini qulogʻiga tutdi-da, «Ha, shu yerda», deb Zohidga ma’noli qarab qoʻydi. Soʻng goʻshakni uzatdi:
— Sizni soʻrashyapti.

Zohid ajablangan holda goʻshakni qulogʻiga tutdi-da:
— Eshitaman, Sharipov, — dedi.
— U yerda nima qilib ivirsib yuribsiz. Hurmatli odamlarni behurmat qilishga kim sizga huquq berdi?
— Kechirasiz, sizni tanimay turibman? — dedi Zohid.

Boʻlim boshligʻi oʻzini tanitgach, Zohid «zoʻrsizlar-ku!» degan ma’noda Muovinga qarab qoʻydi-da:
— Men yuritilayotgan ish yuzasidan keldim bu yerga, — deb izoh berdi.
— Ishga ularning dahli yoʻq. Darhol uzr soʻrangu huzurimga yetib keling.
— Yaxshi. Yana bir-ikki savol beramanu yetib boraman.
— Hech qanday savol berilmasin!
— Yaxshi.

Zohid goʻshakni Muovinga uzatib:
— Bu imorat ancha baland qilib qurilgan ekan, a? — dedi.
— Siz shoshib turibsiz shekilli, chaqirishyaptimi? — dedi Muovin qoshlarini chimirib.
— Ha, hozircha shoshib turibman. Keyin bafurja gaplashamiz.
— Ovora boʻlib kelib yurmang. Boshqa aytadigan gapim yoʻq sizga.
— Endi opajon, bu masalani biz hal qilamiz. «Ovora boʻlib kelib yurmang», deb yaxshi aytdingiz. Sizga chaqiruv qogʻozi yuboraman, prokuraturaga oʻzingiz bora qolasiz.

Muovin gezrayganicha qolaverdi. Zohid xonadan chiqdi-da, «Qorovul balo ekan», deb qoʻydi.

Qorovul esa uni bir piyola choyga taklif qilib:
— Qalay, qopmadimi? — deb soʻradi.
— Oʻzi qopolmadi, zoʻrrogʻi bor ekan, oʻshanga qoptirdi, — deb kuldi Zohid.

Zohid qorovulga kulimsirab gapirgani bilan nayza sanchilgan holga kelgan qalbi faryod urardi. Zohid chigirtkaday koʻringan ayolning bu darajadagi ofat ekanini tasavvur ham qilolmagan edi. Mana hozir orqasidan tepki yegan notavon odam kepatasida boʻlsa ham qorovulga sir boy bermaslik uchun hazil bilan javob qilib, koʻchaga chiqdi. Chiqdi-yu, yana qaytgisi, ustalik bilan, madaniy tarzda tepib chiqargan Muovinning opajoni huzuriga kirib borgisi keldi. Zohid uni sirtdan bilardi. Zohidga ma’lum boʻlgani — u qahramon! Radio-televizorda, matbuotda nomi tez-tez zikr etiluvchi ayol. Zohid semiz bu kampirning qiyofasini koʻz oldiga keltirib «Kattamizni terlatganga oʻxshaydi-da», deb qoʻydi. U bilmaydiki, qahramon kampir u oʻylagan «katta»ga emas, balki undan kattarogʻiga arz qilgan. Oʻsha kattaroq pastroqqa, unisi yana pastroqqa zugʻum qilgach, zanjir reaktsiya amalga oshib, Zohidning boshligʻi bevoshlikda ayblanib, unga «siyosiy koʻrlik» «unvoni» berildi. Buni anglab yetgan rahbar choʻgʻni bosib olganday talvasaga tushdi. Kimgaki, «siyosiy koʻrlik» «unvoni» nasib etdimi, baland martabalar yoʻli toʻsilishi ham mayli, tagiga suv keta boshlaydi. Bir ahmoq xodimining qiligʻi uchun mansabdan ayrilishni kim ham istar edi?

Zohid hali bularni bilmaydi. U hozir koʻchada ketaturib iziga xayolan qaytib, har narsaga qodir oʻsha kampirshoga achchiq-achchiq gaplarni aytardi: «Minbarlarda aytgan gaplaringiz nima-yu, bu qiligʻingiz nima? Adolat, adolat, deysiz, xalq manfaati, deysiz. Oʻzingiz esa xalqning bir farzandini beayb qamatib yuborasiz. Mening bilganim faqat Sunnatullaev. Siz yana nechta odamning umriga zomin boʻlgansiz? Hech hisob-kitob qilganmisiz? Siz minbarda koʻpirib aytgan adolat boshqa, biz himoya qilmoqchi boʻlgan adolat boshqami? Adolatning rangi nechta oʻzi? Oddiy odamlar adolati jonsizu sizlarniki Oʻlmas Kashcheydek davron suraveradimi? Oʻsha Oʻlmas Kashcheyingizning joni qaysi qutichada saqlanadi oʻzi? Oʻsha qutichaga bizning qoʻlimiz yetmaydimi? Undagi tuxumni olib quritishga kim qodir?..»

Qahramon kampirshoga boʻlgan qahrini xayolan sochib borayotgan Zohid bir zum toʻxtab, oʻzidan-oʻzi nafratlandi. Shartta qaytishga, bu gaplarni uning yuziga tik qarab turib aytishga jur'at qilolmagani uchun oʻzidan-oʻzi nafratlandi. Erkakning oʻzini nochor sezishi — qalbi uchun ogʻir azobdir. Tan azobidan bir necha hissa ortiqroqdir. Tan azobigayu malham em boʻlar, qalb azobiga-chi? Duradgorning mixi tugasa, bir-ikki kun nochor boʻlar. Ammo adolat mix emaski, bu doʻkonda boʻlmasa, boshqasidan topib ishini davom ettiraversa...

Zohid gʻashlangan koʻyi idorasiga yetib bordi. Navbatchi rahbari kutayotganini ma’lum qilgach, «Telefondagi gapi chala qolgan ekan-da» degan fikrda uning xonasi tomon yurdi.

Ichkaridan rahbarining baqirib aytayotgan gaplarini eshitib toʻxtagan edi, kotiba «kiravering, kutyaptilar», dedi. Zohid eshikni ochib, ichkariga ikki qadam qoʻydi-yu, toʻxtadi. Rahbari qoʻlida bir tutam qogʻozni ushlab, silkitganicha Zohidning hamkasbiga tanbeh berardi.

Zohidning kirib kelganini koʻrsa ham, e’tibor bermay, dagʻdagʻasini davom ettirdi:
— Siyosiy koʻrlikdan qachon qutulasanlar oʻzi?! Qachongacha men sen galvarslarni deb dakki eshitaman? Sen, qovoqmiya, bularga nima deb ayb qoʻyyapsan?
— Banditizm... — dedi tergovchi.
— Ha, banditizm! Koʻr emasman, oʻqidim, ayblovingni. Endi men shu ahmoqona qogʻozingga qoʻl qoʻyaymi? Senga qoʻshilib men ham partiya siyosatiga qarshi chiqayinmi? Seni deb men ham qamoqda chiriyinmi? Sen menga ayt, KPSS yigirma birinchi s'ezdi qarorlarini oʻqiganmisan? Ayt, oʻqiganmisan?
— Esimda yoʻq...
— Ha, esingda yoʻq. Esning oʻzi bormi, sen galvarsda? Sen uchun men oʻylashim kerakmi, a? Senlar jaraq-jaraq pul ishlayverlaring, boyvachcha boʻlib kerili-ib yuraverlaring. Men esa senlar uchun oʻylab yuray, eslab yuray... Hozir chiqib, s'ezd qarorlarini oʻrganib, keyin kelasan, — u shunday degach, qogʻozlarni tergovchiga qarab otdi. Qogʻozlar moʻljaldagi manzilga yetmay, sochilib ketdi. Tergovchi qogʻozlarni yigʻishtirayotganida rahbar Zohidga qaradi:
— Qani, dono yigit, sen bilasanmi, partiya qarorlarini?
— Partiyaning qarorlari koʻp, qaysi birini aytyapsiz?
— Qara-ya, yaxshi eslatding, men ahmoq qarorlarning koʻpligini bilmas ekanman. S'ezd faqatgina banditizm haqida qaror qabul qilgan, deb yurarkanman, — dedi rahbar piching bilan. — Qani, nima degan, sen menga ayt!

Zohid yelka qisdi: yigirma birinchi s'ezd qachon boʻlganu nima degan, kimning esida turibdi? Hatto partiyaning rahbarlari ham unutishgandir bu qarorlarini. Nafsilamrni aytganda, oʻzini siyosiy hushyor, bilagʻon qilib, xodimlarini ezayotgan bu rahbar ham s'ezdning faqat shu qarorinigina bilardi.
— Bilmaysanlar! Ha, bilmaysanlar, lekin donolik qilib, osmondan kelasanlar. Oʻrgildim, sendaqa donolardan! Senlardaqa yuzta dononi yigʻib kelsa, bir gramm aql topilmaydi-yu, yana karillaysanlar-a! Bilib qoʻylaring: KPSS yigirma birinchi s'ezdi qarorlarida «SSSRda banditizm barham topgan», deyilgan! Sen esa, — u tergovchiga barmogʻini bigiz qildi, — «yoʻq, s'ezd adashgan, bizning shaharda banditizm boʻlib turadi», demoqchimisan? E, oʻrgildim, senlardaqa kaltabinlardan. Yarim soatdan soʻng ayblovni oʻzgartirib kel.
— Nima deb qoʻyay? — deb soʻradi tergovchi qogʻozlarni yigʻishtirib boʻlgach.
— Balo deysanmi, battar deysanmi, oʻyla, kallangni ishlat! Shu ishing uchun davlat senga pul toʻlaydi. Kallang poʻla boʻlsa, boʻshatib qoʻy, kallalilar ishlasin!

Tergovchi yelkasiga shu kabi tavqi la’nat toshlarini ortib, nochor ahvolda xonadan chiqdi. Zohid esa asta yurib borib uning oʻrniga turdi. Goʻyo qolgan-qutgan la’nat toshlarini ortish uchun yelkasini tutdi. Rahbar unga qovoq uyub qaradi, oʻzi ham oʻtirmadi, uni ham oʻtirishga taklif etmadi.
— Xoʻsh, dono yigit, qaerga borganingizni bilasizmi, oʻzi?
— Oddiy bir idoraga, — dedi Zohid oʻzini xotirjam tutishga tirishib.
— Siz uchun oddiydir. Ammo, — rahbar koʻrsatgich barmogʻini shiftga qarab nuqdi, — yuqoridagilar uchun oddiy emas. Sen bola, Sunnatullaevning almisoqdan qolgan ishini nimaga kavlashtiryapsan? Senga bu «Ish» tugallangan, yop, deyilganmi, nega yopmayapsan?
— Ish hali mutlaqo mavhum.
— Nimasi mavhum? Sunnatullaev oʻldirildimi? Uni oʻldirganlar ham oʻldirildimi? Unisi ham, bulari ham dordan qochgan jinoyatchilarmidi? Senga yana nima kerak? Xursand boʻlib yopavermaysanmi? Sen qilolmagan ishni oʻzlari qilishyapti. Bir-birining goʻshtini yeyapti. Yigʻishtir, bunaqa donoligingni!

Zohid Said Qodirovning topshirigʻini eslab, rahbarga e’tiroz bildirdi:
— Bu ishni yopolmayman. Meni majbur qilolmaysiz. Kerak boʻlsa, yuqoriga arz qilaman.
— Oʻh-hoʻ... zoʻrsan-ku, a?! Qani, yozib koʻr-chi? E, senga xat-savod oʻrgatganni... — rahbar soʻkinib, joyiga oʻtirdi. — Mishigʻini artolmaydi-yu, yana men bilan olishadi-ya! — U shunday deb stoli ustidan bir «Ish»ni olib, Zohidga uzatdi: — Oʻn besh kunda javobini aytasan. Bor, ishingni qil.

Zohid «Ish»ni olib burildi. Ostonaga yetganida rahbarning soʻkishi eshitildi. Zohid orqasiga keskin oʻgirilib, koʻzlaridagi gʻazab oʻti bilan unga javob qildi.

3

U xonasiga kirgach, joyiga oʻtirgisi ham kelmadi. Yuzasi choynak izlaridan dogʻ boʻlgan stol koʻziga battar xunuk koʻrindi. Qoʻlidagi «Ish» zil-zambilday tuyulib, stol ustiga «tap» etib tashladi. Qogʻozlar qatidan yengil gʻubor koʻtarilib, dimogʻini qichishtirdi. Ikki-uch aksa urgach, yengillashganday boʻldi.

Biron ishga qoʻl urilgan mahalda yuqori martaba egalarining aralashuvlari, oqibatda ojiz odamday chetga chiqib qolinishi Zohid uchun yangilik emas. Akasining oʻlimidan soʻng bunday haqsizlikni koʻp koʻrdi. Odam zoti yantoqzorda yurib, oyoqlari tikonlarga oʻrganganday, haqsizlikka uchrayversa, unga koʻnikib qoladi. Hatto haqsizlikka uzoq vaqt duch kelmasa, uni qoʻmsaydi ham. Zohid haqsizlik deb atalmish toʻqayzorda yurganini allaqachon fahmlab yetgan, necha yilki, bu toʻqayzorda adolat gulini izlaydi. U bilmaydiki, toʻqayzorda gul bitmas, adashib bitgan taqdirda ham undagi toʻngʻizlar yancharlar, yoʻq qilarlar.

Zohid esa izlagani, gul deb oʻylagani sassiq alaf boʻlib chiqqan onlarda afsuslanadi, ammo ishonch bilan izlayveradi. Zohid ilm gulshani sari borayotib oʻz yoʻlini toʻqayzorga oʻzi burdi. U toʻqayzorda sassiq alaflarning, qamishlarning, gulni payhon qilgʻuvchi toʻngʻizlarning koʻpligidan ajablanmaydi. Uni qiynaydigan savol bitta: bu haqsizlik toʻqayzori qachon obod boʻladi? Inson farzandlari qachon adolat gulshanidan bahra oladilar? Bu savol uygʻongan damda yashirin bir ovoz «hech qachon!» deb javob beradi. Ana shunda Zohid bu ovozni boʻgʻadi, adolat gulini topmoq ishonchini soʻndirmaydi. Uning bu ishonchi uzoq davom etuvchi xastalikka oʻxshaydi — oʻlib oʻla qolmaydi, jonlanib, jonlanmaydi. Ishonchi oʻlib qola qolsa edi, u haqsizlik toʻqayzorini butunlay tark etib, umidini shu yerning oʻziga dafn qilib qutular edi.

Bugun koʻrgan-kechirganlari uning ishonchini yana oʻlim toʻshagiga qulatdi. U zindon nima ekanini, zindon azobi qanday boʻlishini bilmaydi. Lekin xonasi hozir unga zindon kabi tuyuldi. Devorlar oʻrnidan siljib, xona torayayotganday, uni ezayotganday boʻldi.

Yana bir oz shunday tursa, ruhining azoblanishiga chiday olmasligini fahmladi. Xayolini nima bilandir chalgʻitishi lozimligini angladi. Bu xonada xayolini chalgʻitishning yagona yoʻli — joyiga oʻtirish, Said Qodirovning aytganini bajarish — yuqoriga arznoma yozish. Shu yumush oʻziga ham ma’qul kelib, joyiga oʻtirgach, qogʻoz oldi-yu, yoza boshladi. Vujudini ezayotgan hasratlari harflarga aylanib, qogʻozga tushdi-yu, sal yengil tortganday tuyuldi. Said Qodirovga qoʻngʻiroq qildi. U tomondan javob boʻlmagach, rahbari bergan «Ish»ni hafsalasizlik bilan varaqlay boshladi. «Ish №... Botirov Shokir... 1986 yili 21 dekabr kuni balogʻatga yetmagan qizni zoʻrlagan. Oʻzbekiston SSR jinoyat protsessual Kodeksining 94-moddasi... Oʻn bir yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan... Prokuror oʻn besh yil soʻragan... Jinoyatchilar toʻrt kishi boʻlgan... Sud esa birgina Botirovni hukm etgan... Botirov muqaddam, 1980 yilda OʻzSSR jinoyat protsessual Kodeksining 89-moddasi bilan sudlangan...»

Shu joyga kelganda Zohid sergak tortdi. Hatto huquq ilmidan bexabar odamning ham aqli yetadigan masalaga nechun sud e’tiborsiz qaragan? Qolgan uchta jinoyatchi qani?

Zohid «Balki sahifalar oʻrni almashib ketgandir», degan oʻy bilan qogʻozlarni bir-bir koʻzdan kechirdi. Keyin zoʻrlangan qiz — Mohira Nuriddinovaning suddagi koʻrsatmalarini oʻqib chiqdi. Uni toʻrt yigit chala bitgan toʻrt qavatli imoratga boshlab borgan. Toʻrttalasi ham nafsini qondirgan. Lekin... ular orasida Botirov boʻlmagan. Tergov paytida «Botirovni koʻrsatasan», deb majburlashgan...

Zohid «Ish»ni yopib, oʻylanib qoldi. Nazarida bu «Ish» ham Sunnatullaevga oid «Ish»ning mantiqiy davomiday tuyuldi. Bir necha yillar muqaddam Sunnatullaev tuhmat bilan qamalgan. (Zohid bugungi voqeadan soʻng uning tuhmat bilan qamalganiga qat'iy ishonch hosil qildi). — Botirovning «Ish»idan ham tuhmatning isi kelib turibdi.

«Bunday tuhmat bilan qamatishdan kim qanday manfaat koʻradi? Sharif Namozov «Ish»ida oʻrtada mol-dunyo turibdi. Sunnatullaev esa oʻsha xonimchadagi yoʻq nomusga qurbon boʻldi. Botirov nimaning qurboni boʻlgan?»

Zohidni taajjubga solgan yana bir narsa — dastlabki sud Botirovni jinoyatchi deb topib, oʻn yil muddatga ozodlikdan mahrum etgan. Oradan fursat oʻtib, shahar sudi bu qarorni bekor qilib, Botirovni beayb deb xulosa chiqargan. Lekin oradan yana bir necha oy oʻtib, uchinchi marta sud boʻlgan. Bu safar Botirovning «jinoyati» oʻn bir yillik qamoq bilan «taqdirlangan». Uchta hakamning uch xil munosabatiga sabab nima? Nima uchun ikkinchisi Botirovni oqlagan? Poraning kuchi bilanmi? Birinchisi bilan uchinchisiga pora bera olishmaganmi? Qiz nima uchun sudda boshqa, tergovda boshqa gaplarni aytgan? Botirovning odamlari qoʻrqitishganmi yo pul berib sotib olishganmi?

Tergovda bir gapni aytib, sudda boshqasini aytish Zohid uchun yangilik emas. Tergovda aybini boʻyniga olgan jinoyatchilar sudda «Men aybsizman, urishganlari uchun qoʻrqib, tilxat berdim», deb bez boʻlib turib olishadi. Zohid hech yodidan chiqara olmaydi: bir oʻgʻrini jinoyat ustida ushlab, ish sudga oshirilganda u: «Meni azoblab qiynashgandi, men oʻgʻri emasman», deb turib olgan edi. Oʻziga nisbatan boʻlgan bu tuhmatga Zohidning chidashi qiyin boʻlgan edi. Oradan yillar oʻtib, hozir eslasa, eti jimirlab ketaveradi. Shu sababli ham Hamdam Tolipovning usulini yoqtirmay, u bilan koʻp bahslashardi.

Zohid «Ish»ni yana varaqlab, qiziqishi orta bordi. Soʻng Botirovni shahar qamoqxonasiga koʻchirish, qizni va boshqa guvohlarni tergovga chaqirish xususida kerakli hujjatlarni tayyorlashga kirishdi. Lozim qogʻozlar taxt boʻlganida shom qorongʻusi choʻka boshlagan edi.

Ikki kundan soʻng uning xonasiga hali yigirmaga toʻlmagan qiz bilan yoshi ellikdan oshgan, odmi kiyingan, qotmadan kelgan ayol kirib keldi. Zohid tergov boshlash uchun qogʻoz-qalamlarini tayyorlayotgan damda qizga zimdan razm soldi. Shoʻxligi, oʻyinqaroqligi bilinib turibdi. Ammo koʻz qarashlarida buzuqlik alomati sezilmaydi. Sunnatullaevga osilgan xonimchaday gʻarkoʻz emas.
— Xola, iltimos, siz tashqariga chiqib turing. Avval qizingiz bilan gaplashib olay.

Zohid muloyimlik bilan murojaat etgan boʻlsa-da, ayol zardali ovoz bilan javob qaytardi:
— Nima gapingiz boʻlsa mening oldimda soʻrang. Sizlarni bilaman, sirtmoqni aylantirib kelib qizginamning boʻyniga tashlaysizlar. Uch yildan beri hali u yoqqa sudrab, hali bu yoqqa sudrab, qizim shoʻrlikni jinni qilib yuboray dedingizlar.
— Agar mendan gumonsirayotgan boʻlsangiz, marhamat, advokat yollang, advokat ishtirokida soʻroq qilay.
— Advokatingizga toʻlaydigan pulim yoʻq, — dedi ayol zardali ovoziga yana kuch berib. — Advokatingiz nima-yu siz nimasiz... — ayol «bir goʻrsizlar», demoqchi boʻldi-yu, tilini tiydi. Zohid uning fikrini uqib:
— Oq it, qora it — baribir itmi? — dedi piching bilan.
— Unaqa demoqchimasman.
— Siz meni birinchi marta koʻrib turibsiz. Bu «Ish»ni men kavlab chiqarganim yoʻq. Qizingiz sud nohaq, prokuror nohaq, deb katta idoralarga arz qilibdilar.
— Ha, arz qildi. Jinoyatni qilganlar ayshini surib yurishibdi. Siz bir shoʻrlikni qamab, adolat boʻldi, deb kerilib yuribsiz.
— Uni men qamaganim yoʻq shekilli?
— Siz boʻlmasangiz boshqasi. Men siz deb idorangizni aytyapman, — dedi ayol soʻziga aniqlik kiritib.
— Mening idoram ham qamamaydi. Siz jinoyatchilarning ayshini surib yurganlarini qaerdan bilasiz?
— Qizimning oʻzi koʻrgan ularni. Koʻchada koʻrgan. Bir shoʻrlik boyaqishning qamalib yotishiga mening vijdonim chidamaydi.
— Qizingizni ariza yozishga siz undadingizmi?
— Qizim ahmoq emas, unda ham vijdon bor. Sizdaqalarda... — Ayol gap kelganda otasini ayamaydigan toifadan edi. Xonaga kirganida «bu bola gʻidi-bidi desa bir boplay», deb koʻngliga tukkan edi. Zohidning muloyim muomalasi uni shashtidan qaytardi.
— Bizdaqalarda vijdon yoʻqmi? — dedi Zohid, uning chala qolgan gapini davom ettirib.
— Unaqa demoqchimasman... Oʻzingiz oʻylab koʻring: qizim bilan katta idoraga bordik. Adolat qiling, bir boyaqishning umri zavol topmasin, dedik. Gaplarimizni eshakka aytsak tushunardi, u odam tushunmadi. Qizim shunda «agar adolat qilmasangiz oʻzimni yoqaman», dedi. U toʻnka nima deb javob qilganini bilasizmi?
— Siz aytsangiz bilaman.
— U toʻnka, qizimga gugurtini uzatdi. «Mang, yoqsangiz yoqing», dedi baloginaga uchragur. Keyin menga «Siz chiqib turing», dedi. Men merov boʻlmasam chiqarmidim? Chiqdim. Insofga kirgandir, desam u qirchiningdan qiyilgur qizimga «Kechroq keling, sizni zoʻr joyga ishga kiritib qoʻyaman», debdi. He, idorang boshingdan ordona qolsin-a...
— Xolajon, bu gaplarni qoʻying. Mening ishim boshqa. Mayli, menga ishonmasangiz oʻtiravering, — Zohid shunday deb bir oz sukut saqlagach, qizga qaradi:— Nuriddinova, boʻlgan voqeani bir boshdan aytib bering.
— Anavi qogʻozlaringizda bor-ku hamma gap? — dedi ayol.
— Men oʻzlaridan eshitmoqchiman. Siz aralashmay oʻtiring.

Qiz xoʻrsinib qoʻydi. Oradan yillar oʻtgan boʻlsa-da, unga oʻsha sharmandali voqeani eslash ogʻir edi. Oʻsha voqeadan soʻng yopigʻliq qozon yopigʻligicha qolsa mayli edi. Oʻshandan beri bu holatni necha marta bayon etdi. Yigitning shirin soʻzlariga uchib, oʻsmirlikning bevosh sururiga bandi boʻlib, oʻsha mashinaga chiqmaganida, dugonasiga qoʻshilib uyiga ketaverganida, oʻsha imorat ichiga kirmaganida bu mashmashalar yoʻq edi. Imorat sari yurayotganida aql koʻzi koʻr edi. Birinchi yigit bilan rohat bahrida suzayotganida ham ojiz edi. Bu aql koʻzi qurgʻur ancha kech ochildi. Bilmayin bosilgan tikonning azoblarini bilganida edi bevoshlik koʻchasiga qadam qoʻymagan boʻlarmi edi...

Zohid uning qiynalayotganini sezib, dalda berish maqsadida:
— Demak, 1986 yil, 21 dekabr, — deb qogʻozga shu sanani yozdi.
— Adamlarni koʻrgani kasalxonaga boruvdik...
— Soat nechada? Kim bilan boruvdingiz?
— Soat toʻrtlarda... Dugonam Shahlo degan qiz bilan... Koʻchada toʻrtta yigit turgan ekan. Moshinada aylantirib kelamiz, deyishdi. Shahlo uyiga ketdi. Men chiqdim.
— Mashina kimniki edi?
— Bilmadim.
— Taksi edi, — dedi ayol aniqlik kiritib.
— Xola, siz aralashmay turing, — dedi Zohid unga tanbeh berib. — Demak, mashina kimniki edi?
— Taksi edi...
— Taksiligini qaerdan bildingiz?
— Haligi... anaqasi bor edi.
— Nimasi?
— Koʻk chirogʻi... Keyin tomida ham belgisi bor edi.
— Oʻsha mashinada anhor boʻyidagi imoratga bordinglarmi? Birinchi boʻlib sizga kim yaqinlashdi? Botirovmi?
— Voy, u bola boʻlmagan, — dedi ayol.
— Xola, siz menga xalaqit beryapsiz. Chiqib turing, — dedi Zohid qat'iy tarzda. Keyin fikri qat'iyligini anglatish uchun oʻrnidan turib, eshikni ochdi. Ayol endi baland kelolmasligini fahmlab, asta oʻrnidan turdi. Turish jarayonida qizining yelkasini chimchiladi.
— Ovsarmisan, muncha lalayasan? — U eshik ostonasiga yetganida Zohidga eshitilarli tarzda mingʻirladi: — Tergovlaring ham ordona qolsin. Meni adoyi tamom qilasanlar hali. Toʻrttagina goʻrsoʻxtani ushlab qamash qoʻllaringdan kelmasa, nimalaringga kerilasanlar?!

Zohid joyiga oʻtirgach, soʻroqni davom ettira olmadi.

Soʻroqni yakunlab, qiz chiqib ketganidan soʻng ham ancha paytgacha qoʻli ishga bormadi. «Menga qolsa, — deb oʻyladi u, — Botirov bu ishga aralashgan boʻlsa ham qamamas edim. «Zoʻrlash»... deymiz. Bu qanaqasiga zoʻrlash boʻlsin? Bitmagan imoratga oʻz oyogʻi bilan yurib borgan. Birov uni sudramagan. Qoʻl-oyoqlarini ushlab turmagan hech kim. U dod solib yordamga chaqirmagan. Nimasi zoʻrlash buning? «Nomusga tegish»... deymiz. Oʻsha imoratga kirgunicha nomusi boʻlganmi oʻzi? Zohid buni ham soʻradi qizdan. Qiz oʻshangacha hech kim bilan yaqin boʻlmaganini aytdi. Lekin Zohid bu gapga uncha ishonmadi. Bu rohatni avval totib koʻrmagan qizning ovloq joyga indamay kirib borishi mumkin emasday tuyuldi unga.

4

Botirovning «Ish»i bahona boʻlib, Zohid vujudiga egalik qilayotgan bekorchi xayollardan qutula bordi. Nazarida aynan shu «Ish» tufayli adolat manziliga yetib boradiganday edi. U hali «Botirov — gunohsiz» degan fikrdan uzoq. Biroq, koʻp masalalarning huquq chegarasidan narida hal etilgani uni ajablantirardi. Zohid muammolarning chigal iplarini yechishga urinayotgan damlarida uning arznomasiga rad javobi berildi — Sunnatullaev «Ish»i rasman yopildi. Said Qodirov bundan xabardor qilib qoʻygani uchun Zohid koʻkka sapchimadi. Bu «yangilik»ni yuvosh bola kabi xotirjam tarzda qabul qildi. Shu voqeaning ertasiga uni Said Qodirov yoʻqladi.

Zohid yoʻqlovdan maqsad yana Sunnatullaev ishi boʻlsa kerak, deb oʻylab, gapni shu masaladan boshladi. Muovin ayolga uchrashgani, boshligʻining qoʻngʻiroq qilganini... aytib berdi. Said Qodirov bu gaplarni ruhsiz holda eshitdi. Zohid buni sezib gapini qisqa qildi.
— Bu endi siz bilan men uchun oʻtmish. Lekin uni keraksiz matoxday koʻchaga uloqtirmang. Taxmonga koʻrpacha taxlaganday taxlab qoʻying. — dedi Said Qodirov. — Vaqti keladi hali, oʻshanda olib ishlatasiz. Siz bir yangilikni eshitdingizmi-yoʻqmi, shuni bilish uchun yoʻqladim.
— Qanaqa yangilik?
— Hosilboyvachchaning yoʻqolganidan xabaringiz bormi?
— Hosilboyvachcha? Qanaqasiga yoʻqolarkan?
— Shunaqa... izsiz yoʻqolgan.
— Qiziq... Shunday odam ham izsiz yoʻqolarkanmi? Shotirlari-chi? Tirikmi hammasi?
— Tirik.

Zohid Said Qodirovning koʻzlariga qaradi. Bu koʻzlarda zohir boʻlgan quvlik uning Hosilboyvachcha taqdiridan voqif ekanini sezdirib qoʻydi. «Meni sinamoqchimi? «Oʻylab koʻr-chi, fahming nimaga yetar ekan?» demoqchimi? Bu jumboqning nimasi ogʻir ekan? Shotirlari tirik. Oʻzi esa yoʻq... Demak...»
— Demak, bir-birlarini qirishni boshlabdilar-da? — dedi Zohid undan koʻzlarini uzmagan holda.
— Shunaqaga oʻxshaydi. Mendagi ma’lumotlarga qaraganda Hosilboyvachcha oʻldirilgan. Asadbekning eski shahardagi uyida oʻldirilgan.
— Ma’lumot?... — Zohid «kimning ma’lumoti?» deb soʻramoqchi boʻldi-yu bunday savol javobsiz qolmogʻi mumkinligini anglab, gapni burdi: — Ma’lumotga ishonsa boʻladimi?
— Ma’lumot aniq. Hovlida ikki kishi otilgan. Bittasi Asadbekning kuyovi. U hozir kasalxonada. Koʻchada ketayotganida noma’lum shaxslar allaqanday mashinada yaqinlashib, otishganmish. Jabrlanuvchining mashinasi koʻchada turibdi. Ammo bir tomchi qon yoʻq unda. Vrachlarning xulosasiga qaraganda esa u koʻp qon yoʻqotgan. Vaqtida ulgurib qon quyishmaganida oʻlib qolishi hech gap emas ekan. Mana, ekspertiza xulosasi, — u shunday degach qogʻozlar orasidan keraklisini tanlab, Zohidga uzatdi. Unda oʻqning yoʻnalishini aniqlagan ekspertning xulosasi yozilgan edi. Unga koʻra, oʻq roʻparadan otilgan. Agar jabrlanuvchi mashinasida oʻtirgan boʻlsa roʻparadan oʻq yeyishi mutlaqo mumkin emas. Oʻq biqingami, chakkagami, boring, ana oʻgirilib qaragan taqdirda peshanasigami sanchilishi mumkin. Lekin roʻparadan?.. Sira mumkin emas. Agar mashina peshaynasi sindirib otilgan boʻlsa?..

Zohid bu boshqotirmadan ajablanib, iyagini qashigan holda suhbatdoshiga qaradi. Said Qodirov uning xayoliga kelgan savolni uqqanday gapini davom ettirdi:
— Mashina bus-butun, biron yeri ham tirnalmagan. Ma’lumotga qaraganda jabrlanuvchi bir necha hafta ilgari «Men ularning qoʻyniga ilon boʻlib kirib, bitta-bitta chaqib oʻldiraman», degan ekan. «Ular» degani kim, bilasizmi?
— Hosilboyvachchami? Yo... Asadbekmi?
— Asadbek boʻlsa ehtimol... Ammo, nima uchun chaqib oʻldirmoqchi edi? — Said Qodirov javob kutmay yana bir savol togʻini koʻndalang qildi: — Hosilboyvachchaning murdasi qaerga koʻmilgan? Qaerga koʻmishgan boʻlishlari mumkin?

Zohid Said Qodirovning Elchin haqidagi gaplarini eshitib, daf'atan Anvar bilan boʻlgan uchrashuvni, «Sunnatullaevning oʻlimini Elchindan koʻrmang», degan gapini eslab «u chaqishga ulgurdimi yo endi chaqmoqchi edimi?» deb oʻyladi. Ammo bu haqdagi fikrini Said Qodirovga bildirmadi. Said Qodirov javob kutar edi. Zohid unga qarab, javob oʻrniga yelka qisib qoʻya qoldi.
— Murdani topish kerak.
— Agar maydalab yoqib yuborishmagan boʻlsa, topsa boʻlar.
— U holda kulini boʻlsa ham topish kerak!

VII bob

1

Oʻlimning muzdek labiga labini tutayotgan, oʻlimning dimogʻidan ufurayotgan sovuq nafasdan eti seskanayotgan Zaynabni telefon jiringi qoʻrqitib yubordi. Undan boʻsa olmoqni, boʻsa nima ekan, jon olmoqni ixtiyor etgan oʻlim farishtasi ham choʻchib, gʻoyib boʻldi. Uning uzoqlashishini istamagan Zaynab telefon goʻshagini koʻtarmay picha kutdi. Telefon qoʻngʻirogʻi toʻxtovsiz jiringlayverdi, oʻlimning nafasi esa uzoqlashaverdi.

U sirtmoqni bir qoʻliga olib, ikkinchisi bilan goʻshakni koʻtardi. Goʻshak ogʻir tosh kabi tuyuldi — qulogʻiga arang olib borib «labbay» demoqchi edi, tili aylanmadi — goʻyo oʻlim boʻsa olayotgan damda tilini muzga aylantirib qoʻygandek edi.
— Alyo, alyo, Zaynab! Zaynab!!

Onasining mayin ovozi sovuy boshlagan badaniga iliqlik baxsh etdi. Jamshidning oʻlimini eshitib oʻzini osgan damda ham shu ovoz unga jonini qaytargan edi. Bu nima oʻzi? Moʻ'jizami yo tush koʻryaptimi, yo alahsirayaptimi?.. Onasining ovozi uning muzlagan tilini ham eritdi. Beixtiyor:
— Oyijon! — dedi-yu, butun vujudiga titroq yugurdi.

Dunyoda toʻsiqni bilmaydigan nima bor, deb soʻralsa hech ikkilanmay «ona qalbi» deb javob berish mumkin. Na masofa, na vaqt ona qalbiga oʻz hukmini oʻtkaza oladi. Mana hozir ham Manzuraning bezovta qalbi qizining huzuriga yetib kela oldi. Zaynabning birgina xitobi — «Oyijon!» deyishining oʻziyoq ahvolini onasiga oshkor etdi.
— Zaynab, jon bolam, sogʻligʻing yaxshimi, senga nima boʻldi?
— Oyijon... — Zaynab nima deyishini bilmay, kalovlandi. Hatto «yaxshi yetib oldingizmi?» degan gap ham xayoliga kelmadi. Oʻzi uchun ham kutilmaganda, oʻzi ham istamagan holda koʻkrak qafasida bir faryod uygʻonib, yuqoriga intildi. Boʻgʻziga yetganda esa toʻxtab, uni entiktirdi.
— Zaynab, gaplarimni eshityapsanmi, nimaga indamayapsan?
— Yaxshiman, — dedi Zaynab titroq ovozda.
— Tobing yoʻqmi, nimaga ovozing oʻzgarib turibdi?
— Shamollabman...
— Oʻzingga qara, jon bolam, yotishdan oldin sut qaynatib ich.
— Xoʻp.
— Adanglar yaxshimilar, yoʻtallari qolay dedimi?
— Yaxshilar.
— Bugun bordingmi, xabar oldingmi?

Zaynab javob bera olmadi. Otasini koʻrganini, qay ahvolda yuzlashganini qanday ayta olardi?
— Adanglarni bugun koʻrdingmi?
— Koʻrdim...
— Ering yaxshi yuribdimi? Uyda yoʻqmi yana?
— Yoʻqlar.
— Men yaxshi yetib keldim. Akalaring bilan gaplashasanmi?
— Mayli...

Zaynab akalari bilan ham shu tarzda gaplashdi.

Sharmandalik balchigʻidan xalos boʻlmagan, bir qoʻlida sirtmoqni mahkam changallab turgan

juvon jigargoʻshalari bilan nima haqda gaplashsin?

Abdulhamid goʻshakni onasiga uzata turib:
— Kayfiyati chatoqroqmi, gaplashgisi ham kelmadi, — deb qoʻydi.

Manzura yana qayta-qayta hol-ahvol soʻragach, gapni bas qildi-da, oʻgʻillariga ma’yus boqdi:
— Kasal boʻlib qolganga oʻxshaydi... Bolasi nobud boʻlganidan beri ezilib ketdi...

Manzura bu gapni beixtiyor ravishda aytdi. «Ering yaxshimi, uyda yoʻqmi?» degan gapidan beri oʻgʻillarining ajablanib oʻtirishganini sezmadi. Uning xayoli qizi bilan band, oʻgʻillarining uydagi voqealardan bexabar ekanliklarini unutgan edi. Onasining ma’yus chehrasida gʻam bahrining mavjlarini koʻrgan Abdulhamid:
— Zaynabni... qachon uzatdinglar? — deb soʻradi.

Bu savol Manzuraning xayolini qizi bagʻridan yulib olib, oʻgʻillari huzuriga qaytardi.
— Hali bir yil boʻlgani yoʻq...
— Bizga nima uchun aytmadinglar? — dedi Abdusamad ranjiganini yashirmay.
— Dadangni bilasan-ku, oʻqishlaridan xayollari chalgʻimasin, dedilar.
— Kuyov kim, biz taniymizmi? — deb soʻradi Abdulhamid.
— Bilmadim, tanirmikansan? — Manzura kuyovining nomini aytishga qiynaldi. — Ashulachi yigit ekan... Elchin...
— Elchin? — Abdusamad oʻrnidan turib ketdi. — Qamalib ketgan otarchimi? Oyi, Zaynabni kimga berganingizni bilasizmi?
— Bilaman, jon bolam, bilaman. Taqdir ekan-da... Adangning fe’li oʻzingga ma’lum-ku?
— Adam... Zaynab-chi, Zaynabning oʻzi koʻndimi?
— Koʻnmasa... tegarmidi?..

Abdusamad otasiga oʻxshash — ba’zan sal narsaga tutab ketadi. Abdulhamid esa onasiga tortgan. Mulohaza bilan ish yuritadi. U onasini qiynayotgan, birovga, hatto oʻz oʻgʻillariga ham ayta olmaydigan dardi borligini sezdi. Shu sababli tutay boshlagan akasiga qarab labini tishlaganicha boshini sarak-sarak qilib qoʻydi. Abdusamad ukasining maqsadini anglab, boshini egib oʻtirgan onasining yelkasidan quchdi.
— Oyijon, yuring, bogʻni aylanib kelamiz.

Manzura istar-istamas oʻrnidan turdi.
— Mahmud akangga tilpon qilsak boʻlarkan. Oʻzimi, xotinimi xabar olib tursa boʻlardi.
— Hamid, sen buyurtma berib kutib oʻtir, biz aylanib kelamiz.

2

Abdusamad hovliga chiqqach, onasini qoʻltiqladi. Manzuraga bu gʻalati tuyulib, oʻgʻliga qarab oldi. Bu holda sira yurmagani uchun xuddi oʻgʻli sudrayotganday tuyulib, qadam olishi qiyinlashdi. Abdusamadning yoʻl-yoʻlakay bogʻ ta’rifini qilishidan bildiki, oʻgʻli bu yerlarda tez-tez boʻlib turadi. Roʻparadan chiqib qolgan bogʻ xizmatchilarining ta’zim bajo keltirishi ham uning bu yerdagi mavqeidan darak berdi.

. Xizmatchilar Abdusamadni xoʻjayinning mehmoni sifatida izzat qilisharmidi yoinki bu xonadonning boʻlajak kuyovi, ta’bir joiz boʻlsa, vallohi a’lam, boʻlajak hojasi sifatida ehtirom etisharmidi — Manzuraga qorongʻi edi. U oʻzicha «oʻgʻlimning bu joyga kuyov boʻlishini xizmatchilar ham bilishar ekan-da», deb bir quvondi, ayni choqda «oʻgʻlim shu yerlarda qolib ketsa-ya» degan xavotiri uygʻonib, tashvishlandi.

Bunday xonadonga oʻgʻlining kuyov boʻlishini qaysi ona istamaydi? Bundayin saroy, bunchalar mol-mulk... Har qadamda xizmatchilarning ta’zim qilib turishi... Xon kuyovigagina nasib etuvchi martaba... Bu — ona orzusining ushalishimi? Baxtmi?

Kimlargadir baxt boʻlib tuyulishi mumkin. «Oʻgʻlim qaerda yursa ham boshi omon boʻlsa bas», deb shukr qiluvchilar bor. Ammo yoʻgʻida sabr qilib umr kechirgan, borida taltayib yashamagan Manzura uchun bu baxt emas. Xorijda yashaydigan qizlarni kelin qilishi lozimligini bilganidan beri u tashvish bahrida sarsari suzadi. «Qizil oyoq kelib, qizil yuzdan judo qildi», deganlaridek, ikki kelin ikki oʻgʻlini bagʻridan yulib olajagini oʻylasa, vujudi muzlab ketadi.

Asadbek qimorga ketib, oʻzi joynamoz ustida oʻtirib Ollohga munojot etib tong ottirgan kezlari eriga insof soʻragan ekan-u, farzandlarim ulgʻayishganida bagʻrimdan yulib olma, demagan ekan... Agar hozir gʻoyibdan ovoz kelib, «Oʻgʻillaringning mol-dunyo dengizida choʻmilib yashaganlari durustmi yo bir burda nonga qanoat qilib bagʻringda umr kechirganlari yaxshimi» deb soʻrasa, u shak-shubhasiz, ikkinchisini tanlagan boʻlardi. Manzura koʻr emas, kar ham emas, dunyoning odam zotiga vafo qilmasligini koʻrib, eshitib turibdi.

Yonida borayotgan oʻgʻli tilida bogʻ ta’rifini qiladi. Dilida esa boshqa gap. Onaning sezgir qalbi buni sezadi. Oʻgʻli «Qizlar sizga yoqdimi?» deb soʻramoqchi boʻladi. Lekin yigitlik gʻururi bu savolning tilga koʻchishiga yoʻl qoʻymaydi. Ota bilan oʻgʻil orasida hayo pardasi boʻlguvchi edi. Har qanday oʻgʻil koʻp hollarda otaga aytmoqchi boʻlgan dardini ona orqali yetkazardi. Hattoki ma’lum damlarda oʻgʻilning sirdoshi ota emas, aynan ona boʻlishi ham hech kimga sir emasdir. Asadbek oʻgʻillarini oʻz yumushlaridan uzoqroq tutishga harakat qilib, farzandlarining ruhiy olamidan ancha yiroqlashganini oʻzi ham sezmay qolgan edi. Barcha oiladagilar kabi bu xonadon oʻgʻillari onaga yaqin boʻlsalar-da, Abdusamad hozir arzimas tuyulgan savolni onasiga berolmay qiynalardi. Manzura oʻgʻlini bu qiynoqdan qutqarish uchun oʻzi muddaoga yaqinlashmoqchi boʻldi:
— Qizlar bilan... birga oʻqiysizlarmi?
— Yoʻq... Ular ham oʻqishadi, lekin boshqa sohada. Bizga doktor Xudoyor ustozlar. Biofizikadan...
— Buni bilaman.
— Bizni doktor Xudoyor tanishtirganlar.
— Boyligiga uchdinglarmi?

Manzura «otang ham kambagʻal emas edi-ku?» degan ohangda gapirdi. Abdusamad bu ohangni sezib, yerga qaradi.
— Oyi... ular yaxshi qizlar... Hali gaplashib koʻrasiz...
— Men yomon deyayotganim yoʻq... Popukdakkina ekan ikkoviyam... Lekin... shu yerda qolib ketasanlarmi, deb jonim halak, bolam. Men... ayriliqqa chiday olmasam kerak...

Abdusamad yigʻlamsiray boshlagan onasini yelkasidan quchdi.
— Bundan xavotirlanmang, ayriliq boʻlmaydi, oyi. Qizlarning ota-onasi bizni bu yerda olib qolmoqchi emas. Ularning maqsadi qizlarini Vatanga uzatish. Shu yoʻl bilan Vatanga qaytish.
— Qizlarini uzatib, oʻzlari yolgʻiz qolishadimi?
— Oyi, hali ularning gaplarini tushundingizmi? Ularda hamma narsa bor. Faqat Vatanlari yoʻq. Vatansiz yashash ular uchun juda ogʻir. Biz buni tushuna olmaymiz. Vatan deyilsa ular qizlar tugul jonlarini ham berib yuborishga tayyorlar. «Biz Vatan hajrida kuyib oʻtyapmiz, farzandlarimiz kuymasin», deyishadi. Agar tarozining bir pallasiga farzandlaridan ayrilish azobi, boshqa pallasiga Vatan hajri dardi qoʻyilsa, dard bosib ketadi. Ular shunaqa odamlar. Biz oʻqishni tugatish bilan qaytamiz.
— Xudo oʻsha kunga yetkazsin, ishqilib. Lekin... dadanglar nimagadir qaytishga shoshilmanglar, deganday boʻldilar.
— Nima uchun?
— Bilmadim, bolam... balki oʻzlari ham shu yoqlarga kelib yashamoqchidirlar. Ishlarini bilasan-ku... U yoqlar notinchmi, deyman?

Manzura erining maqsadini aniq anglamagan edi, shu bois mavhumroq ohangda aytdi. Onasidan eshitgan yangilik oʻgʻil uchun kutilmagan edi. Bunda Said Muzaffarxonning niyati boshqa, unda Asadbekning umidi boʻlak boʻlsa?! Biri Vatanga intilsa, ikkinchisi esa qochmoq, yiroqlashmoq ilinjida... Samodagi qora bulut parchalarining biri manfiy, ikkinchisi musbat quvvatga ega boʻlsa, yaqinlashmoq onlarida chaqin chaqnaydi, olam ostin-ustun boʻlganday tuyuladi. Shu xayolga borib, Abdusamadning yuragi uvishdi. Oʻziga-oʻzi tasalli berish maqsadida:
— Oyi, siz notoʻgʻri tushungandirsiz? — dedi.

Manzura oʻgʻlidagi oʻzgarishni sezib, xatosini toʻgʻrilamoqchi boʻldi:
— Ha, bolam, xato tushungandirman. Adanglarni bilasan-ku, ochiq-sochiq gapirmaydilar. Bu yoqqa kelishlari... Yoʻq, kelmaydilar. Eski hovlilarini sogʻinib turadilar-ku... Bu yoqlarga butunlay kelarmidilar... Yoʻq, kelmaydilar.

Chindan ham Manzura Asadbekni notoʻgʻri tushungan edi. «Men oʻgʻillaringning oʻsha yerda oʻqib, oʻsha yerda ishlashlarini xohlayapman», deganida oʻzining ham koʻchib borishini nazarda tutmagan edi. Garchi oʻsha suhbatda Asadbek uch-toʻrt yilda qaytishadi, deya gapini yumshatgan boʻlsa-da, Manzuraga egalik qilgan xavotir iskanjasi boʻshashmagan edi. Chuvrindi kuzatayotganda «Tilla taqinchoqlarni koʻproq olavering, balki oʻsha yerda asqotar, balki uch-toʻrt oy oʻsha yerda qolarsiz», deganida eri aytgan «uch-toʻrt yil»ni eslab choʻchib tushdi. «Zaynabni keyinroq yuboramiz», devdilar. Sekin-sekin hammamiz koʻchib oʻtarkanmiz shekilli» deb ham oʻyladi. Toʻgʻri, keyingi paytlarda Asadbek oilasining oʻsha tomonlarda yashashini istab qoldi. Lekin oʻzining ham ketishi sira rejasida boʻlmagan. Ayniqsa, xastaligi aniq boʻlib, Hosilboyvachcha qiliqlarini boshlagan damda ketishni oʻylashi mumkin ham emasdi. Uning birdan-bir niyati — oilasining tinchi va farovonligi edi. Bu niyati Manzuraga, alhol oʻgʻliga-da qorongʻu edi.

3

Manzura toliqqan boʻlishiga qaramay tunda uxlay olmadi. Yumshoq oʻrin unga tikonzor kabi tuyuldi. Oilasidan ilk karra uzoq ketgani uchun qalbi notinch edi. Bezovta yurak yurtidagi noxushliklarni sezib, vujudini beholgina titratib turardi. Shu azobdan qiynalgan Manzuraga bu shaharning tuni behad uzunday tuyuldi. Uy isib ketib, nafas olishga arzirli havo qolmaganday boʻldi. Oʻrnidan turib, peshayvonga chiqadigan eshikni ochdi. Yuziga salqin shabada urilib, orom oldi. Tashqarida maydalab yomgʻir yogʻa boshlagan, sanoqsiz chiroqlar yorugʻida bogʻ toʻlin oy nuriga choʻmilganday soʻlimlik kashf etgan edi. Ammo bu soʻlimlik uning kayfiyatini yaxshilashga qodir emas edi. Bu olam aro tunni bedor oʻtkazgan faqatgina Manzura emas. Necha ming, balki necha yuz ming, balki undan-da koʻp odam — xasta ham, tani sogʻ ham, podsho ham, gado ham; baxtli ham, baxtsiz ham; qaygʻuli ham, qaygʻusiz ham... tunni bedor oʻtkazadi. Hech kim oʻsha tunning oʻzida, qaerdadir bir jigarbandi ham qalb titrogʻida ekanini bilmaydi. Alhol Manzura ham yurtida eri bilan qizining tunni uyqusiz oʻtkazishganidan bexabar edi.

Nonushtadan soʻng oʻgʻillari shahar aylanajaklarini ma’lum qildilar. Manzuraning sayru sayohatga xohishi ham, holi ham yoʻq edi. Shunga qaramay, oʻgʻillarining shashtini qaytarmaslik uchun otlandi.

Oʻgʻillari shahar koʻchalari, ayrim imoratlar haqida gapirishar, Manzura esa ularning zavqini baham koʻra olmas edi. Yuragi nima sababdan gʻashlanayotganini hatto oʻzi ham bilmasdi. Ba’zan xayolini shahar manzaralariga band etib chalgʻimoqchi boʻlardi. Bu kabi shaharlarni u televizorda koʻrgan, muxbirlar «chirigan kapitalizm» deb bularni tanqid qilishardi. Manzura sayr chogʻida shaharda chirik imoratlarni koʻrmadi. Toʻgʻri, siyosat olamiga u begona ayol edi. Kapitalizmning chirigani qanaqa boʻladi, chirimagani qanday — bilmasdi. Bilish uchun harakat ham qilmasdi, oʻylamasdi ham. Hozir, ikki oʻgʻli ikki qanotida shahar bogʻini sayr qilayotgan chogʻida «Shunday yaxshi joylarni nima uchun yomonlashadi?» deb oʻylab qoʻydi. Uning siyosatga munosabati shu oʻy bilan cheklandi.

Manzuraning ruhidagi siniqlikni oʻgʻillari sezishdi. Bu holni ular charchoq oqibati deb oʻylab sayrni uzoq davom ettirishmadi. Villaga qaytishgach, uchovlari oshxonaga kirdilar. Abdulhamid oshpaz ayolga palov pishirish niyatlari borligini ma’lum qildi. Bu xonadonda tez-tez palovxoʻrlik boʻlgani sababli nemis ayoli ham osh pishirishni bilardi. Shu sababli chaqqonlik bilan masalliqni tayyorlab berdi. Manzura oshga unnamoqchi edi, oʻgʻillari yoʻl qoʻyishmadi.
— Bizning qoʻlimizdan bir palovxontoʻra yeng, — deyishdi.

Bekorchilikka oʻrganmagan Manzura oʻgʻillarining qarshiligiga qaramay, sabzi toʻgʻrab berdi.

Oshni pishirib, yeb boʻlishgach, Abdusamad shaharda zarur ishi borligini aytib, onasidan uzr soʻradi. Manzura oʻgʻillari xulqida oʻzgarish mavjudligini yana bir karra sezdi. Oʻz uylarida ekanida oʻgʻli biron yerga bormoqni ixtiyor etsa «Oyi, ketyapman», deb qoʻyardi. Hozirgiday lutf qilib oʻtirmasdi.

Oqshomga yaqin villaga Muzaffarxon bilan Guluzor begim kelishdi. Keyinroq doktor Xudoyor ham tashrif buyurdi. To u kelguniga qadar gap-gapga qovushmadi. Yoshlarning taqdiri xususida soʻz ochishga u tomon ham, bu tomon ham jur'at eta olmadi. Doktor Xudoyorda yuzxotirchilikning yoʻqligi shu zamonda ish berdi. U xizmatchi keltirgan qahvadan uch-toʻrt xoʻplagach, Manzuraga yuzlandi:
— Qalbimdasiz, xonim afandim, siz muhtarama zoti oliyalariga bizim qizlarimiz yoqdimi ekan?

Toʻsatdan berilgan bu savol Manzurani gangitib qoʻydi. Koʻzini yerga qadaganicha javobga taraddudlandi. Uni bu noqulay ahvoldan doktor Xudoyorning oʻzi qutqardi:
— Bir koʻrishda xulosa bildirmogʻingiz choʻx mushkuldir, buni-da anglayurmiz. Ammo inoningkim, bu oʻlkalarda bundayin fozila qizlar boshqa yoʻqtur. Agarchi mening-da ikki oʻgʻlim boʻlganida edi, Said Muzaffarxonni tinch qoʻymagan boʻlurdim. Ammo bilmogʻingiz kerakkim, xonim afandim, sizning oqil oʻgʻillaringiz mening uchun oʻz farzandu arjumandlarim kabi qadrlidurlar.

Bekorchilikka oʻrganmagan Manzura oʻgʻillarining qarshiligiga qaramay, sabzi toʻgʻrab berdi.

Oshni pishirib, yeb boʻlishgach, Abdusamad shaharda zarur ishi borligini aytib, onasidan uzr soʻradi. Manzura oʻgʻillari xulqida oʻzgarish mavjudligini yana bir karra sezdi. Oʻz uylarida ekanida oʻgʻli biron yerga bormoqni ixtiyor etsa «Oyi, ketyapman», deb qoʻyardi. Hozirgiday lutf qilib oʻtirmasdi.

Oqshomga yaqin villaga Muzaffarxon bilan Guluzor begim kelishdi. Keyinroq doktor Xudoyor ham tashrif buyurdi. To u kelguniga qadar gap-gapga qovushmadi. Yoshlarning taqdiri xususida soʻz ochishga u tomon ham, bu tomon ham jur'at eta olmadi. Doktor Xudoyorda yuzxotirchilikning yoʻqligi shu zamonda ish berdi. U xizmatchi keltirgan qahvadan uch-toʻrt xoʻplagach, Manzuraga yuzlandi:
— Qalbimdasiz, xonim afandim, siz muhtarama zoti oliyalariga bizim qizlarimiz yoqdimi ekan?

Toʻsatdan berilgan bu savol Manzurani gangitib qoʻydi. Koʻzini yerga qadaganicha javobga taraddudlandi. Uni bu noqulay ahvoldan doktor Xudoyorning oʻzi qutqardi:
— Bir koʻrishda xulosa bildirmogʻingiz choʻx mushkuldir, buni-da anglayurmiz. Ammo inoningkim, bu oʻlkalarda bundayin fozila qizlar boshqa yoʻqtur. Agarchi mening-da ikki oʻgʻlim boʻlganida edi, Said Muzaffarxonni tinch qoʻymagan boʻlurdim. Ammo bilmogʻingiz kerakkim, xonim afandim, sizning oqil oʻgʻillaringiz mening uchun oʻz farzandu arjumandlarim kabi qadrlidurlar.

Ularning buraga tahsil uchun kelmoqlari Ollohning xohishi iladir, soʻngra men ular bilan tanishdim, moshaolloh! Biz umid qilayotgan nikohni ham Olloh nasib etgandur, inshoolloh! Xonim afandim, sizga biz aytayotgan soʻzlar gʻalat tuyulgusi, buni-da anglayurmiz. Siz qizlarimiz ila suhbat qursangiz nur alan-nur boʻlur edi. Ammo, afsus shuki, qizlarimiz sizdan uyalyaptilar. Fikri ojizimcha, bu ham ularning bir ajib fazilatlaridur. Said Muzaffarxon janobim, qalbimdasiz, siz ayting endi.
— Ollohdan umidim bisyordir, — dedi sohibbayt,— agarchi xonim afandim rizolik bildirsalar, avval nishon toʻyini oʻtkazsak, soʻngra toʻyga qadarli fursat boʻlar, qizlar bilan suhbat qurarlar...

Manzura «nishon toʻyi» nima ekanini tushunmasa ham, mezbonlarning ra’yini qaytarmaslik uchun bosh irgʻab qoʻydi. Tasdiq ishorasini olgan mezbon chehrasi yanada yorishdi.
— Xonim afandim nimani ixtiyor etiyurlar: nishon toʻyi villada boʻlgani ma’qulmi, yoinki restorandami?

Manzura «Bu savolga men javob bera olmayman», deganday najot izlab doktor Xudoyorga qaradi.
— Restoranni qoʻying, afandim. Harom koʻp u yerda. Yaxshi niyat ila qurilajak oila binosining poydevorini harom yerda qoʻymaylik. Shunda, halol luqma ila boshlangani Ollohga xush yoqar. Menga ma’lumki, afandim, siz behad saxiy janoblardansiz. Nishon toʻyiga ham oz emas, biron ikki-uch yuz mehmon chorlamoqni orzu etajaksiz. Siz bu orzularning bahridan oʻting, janobim. Yigirma, boringki, oʻttiz chogʻli koʻngilga yaqin insonlar tashrif buyursalar, basdir. Toʻy ham dabdaba ila oʻtmasin, desam koʻnglingiz ranjimasin. Chunki toʻyning dabdaba bilan oʻtishi mutlaqo shart emasdir, bil'aks, yoshlarning bundan keyingi hayotlari dabdaba bilan oʻtsin, deb Ollohdan soʻraylik.

Kelishuvga shu zaylda yakun yasaldi. Nishon toʻyi yaqin kunlarga belgilanib, asosiy toʻyni Asadbekning kelishiga qarab oʻtkazadigan boʻlishdi.

Kechki ovqatdan soʻng mezbonlar ketishgach, Manzura Abdulhamiddan soʻradi:
— Nishon toʻyi deyishdi, u nima degani?
— Umi... — Abdulhamid kulimsiradi, — bizningcha, unashtirish, degani. Fotiha toʻyi ham deyiladi shekilli? Siz hozir nima ish qilib qoʻyganingizni bilasizmi?
— Nima qibman?
— Bizni unashtirib chiqdingiz, — Abdulhamid shunday deb mugʻombirlarcha kuldi. Manzura esa kaftlarini yuzlariga bosdi:
— Voy oʻlmasam!.. Bilmay-netmay, a?..
— Tashvishlanmang, oyi. Nishon toʻyidan soʻng qizlar bilan yaxshilab tanishib olasiz. Yoqmasa, toʻy boʻlmaydi, fotiha buziladi. Buning hech qoʻrqinchli joyi yoʻq.
— Qoʻy, unday dema, sovuq nafas qilma. Men senga qizlar yoqmadi, demadim-ku? Oʻzlaringga yoqayotgan boʻlsa, bas-da...

VIII bob

1

Yaydoq dalada turgan odamga osmonni qoplagan qop-qora bulutlar aytarli xavfli emas. Yomgʻir yoqquday boʻlsa, chorasi oson — ustiga yopinchiq tashlasa kifoya. Yopingʻichi boʻlmasa, nari borsa, yomgʻirda boʻkar. Agar nafrat va alam buluti baravariga yopirilsa-chi? Buning chorasi bormi?

Asadbek oʻzicha chorasini topgandek boʻlib edi. Nazarida Hosilboyvachchaga qarab uzilgan oʻq bu bulutlarni tarqatib yuboradiganday edi. Oʻq otildi. Jon uzildi. Ammo nafrat va alam buluti tarqalmadi. Bil'aks, yanada quyuqlashdi. Murda olib chiqilib, oʻzi yolgʻiz qolgach, bu bulut pastlab, uni boʻgʻa boshladi. Uyda oʻtira olmay, hovliga chiqdi. Bu holatga uzoq chiday olmasligini fahmlab, hovlining oʻrtasida tik turganicha: «Mahmud!» deb baqirdi. Chuvrindining bu yerda emasligini u yaxshi bilardi. Ayni choqda yigitlardan birining eshik yonida shay turgani ham ma’lum edi unga. Chaqiruvdan soʻng oʻtgan bir necha soniya unga soatday tuyuldi. Betoqatlanib, yana baqirdi. Eshik shasht bilan ochilgach, ostonada qotgan yigitga bobillab berdi:
— Uxlab oʻtiribsanmi, xunasa! Ming marta chaqirishim kerakmi?!

Yigit chindan ham uxlab qolib, ulugʻ bir ayb ish qilib qoʻyganday bosh egdi.
— Jalil akangni topib kel, imillama!

Bular-ku, imillamaydi-ya, ammo Jalil deganlari uyidamikin, «Bek akam chaqiryaptilar», deb borishsa, «Aravangni tort, gapi boʻlsa, oʻzi kelsin», demasmikin?

Asadbek doʻstini shu xavotir bilan kutdi. Vujudiga hukm oʻtkaza boshlagan isitma yengil titroq uygʻotdi. U «sovuq ta’sir qildi», deb oʻylab, ichkari kirib, tanchaga oʻtirdi. Issiq badaniga xush yoqdi, biroq titroqni toʻxtatmadi. Chiroq nuri kamon oʻqiga aylanib, ikki qoshi oʻrtasiga sanchilganday gʻashi keldi. Peshonasini siladi. Chiroq nuri oʻq qadashini kuchaytirganday boʻldi. Oʻzini majburlab oʻrnidan turib, chiroqni oʻchirdi — hammayoq zimistonga aylandi.

Hovli zimiston...

Uy zimiston...

Hatto qalbi zimiston.

Dunyo zimistondan iborat. Dunyoda nur yoʻq. Hamma qorongʻulik bagʻrida tentiraydi. Olamning kun va tunga boʻlinishi yolgʻon, quyoshning koʻrinishi ham aldamchi bir holat. Oy ham yoʻq, yulduzlar ham yoʻq...

Oʻzini zulumot ixtiyoriga bergan Asadbekning nazarida shunday edi. Lekin uning bu fikri chaqmoq umri misol oz umr koʻrdi. Koʻchadan oʻtgan qaysi bir mashinaning chirogʻi atrofni yoritib oʻtdi. Keyin esa koʻzlari qorongʻulikka asta koʻnika bordi.

Bir osh damlarli fursat oʻtdi hamki, Jalildan darak boʻlmadi. Asadbek endi asabiylasha boshlagan vaqtda koʻchada mashina toʻxtadi. Koʻcha eshigi ochildi. Odam qorasi koʻrindi — ikki-uch qadam bosib hovliga kirdi. Yana toʻxtadi. Qorongʻu boʻlsa ham Asadbek oʻrtogʻini tanidi. Tanidi-yu, yuragi uvishdi.

1950 yilning birinchi yanvar tongida ham Jalil shunday kirib kelgan edi. Oʻshanda ham bir-ikki qadam qoʻygach, toʻxtab, atrofga alanglagan edi. Uning bunaqa odati oʻshanda ham yoʻq edi. Toʻgʻri uyga kirib kelaverardi. Lekin oʻshanda... bir narsadan qoʻrqibmi, toʻxtagan edi. Endi-chi, nimadan choʻchidi?
— Asad!

Jalil odatda hovliga kirishi bilan shunday deb baqirib qoʻyib, uyga qarab yurardi. Oʻshanda ham, hozir ham past ovozda, birovni hurkitib qoʻyishdan qoʻrqqanday asta chaqirdi. Oʻshanda Jalil javob kutib, soʻng yana oʻsha ovozda «Asad», deb qoʻygan edi. Oʻshanda Asadbek oʻrtogʻini koʻrib yigʻlab yuboray degandi. Hozir ham yigʻlagisi keldi. Oʻsha kezda Jalil javob boʻlmagach, iziga qaytmoq uchun oʻgirilganida Asadbek jonholatda «Jalil!» deb baqirib hovliga otilgan edi... Hozir esa qimirlashga majoli boʻlmadi.
— Asad! — Bu safar Jalil balandroq ovozda chaqirdi.
— Jalil! Kiraver, uydaman.

Jalil ichkari kirib, chiroqni yoqdi. Asadbek oʻtirgan holicha koʻrishmoq uchun qoʻl uzatdi.
— Ie, isitmang bor-ku, — dedi Jalil uning qoʻlini qoʻyib yubormay. — Nima qilib oʻtiribsan, bu zimistonda, tinchlikmi?
— Tinchlik... seni koʻrgim keldi, ogʻayni...
— Ob-bo, namuncha inqillaysan? Oʻlikning ovozi ham senikidan yaxshiroq chiqadi. Koʻtar gavdangni, dadil-dadil gapir. Asadbek ammamning buzogʻiga oʻxshab qolibdi, desa birov ishonmaydi.

Oʻrtogʻining bu yoʻnilmagan gaplari yoqib, jilmayganida yoʻtal tutdi. Jalil unga qarab turib:
— Hali ham tuzalmabsan-da, ukamga chiqib aytay, sut qaynatib bersin, — dedi.
— Kerakmas, — dedi Asadbek.
— Shotirlaringga ayt, dori-pori bersin boʻlmasa.
— Hozir uyga ketaman, qoʻyaver... Oʻzing bormisan? Oshnam Krasnoyarda kasal edi, oʻlikmikin, tirikmikin, bir xabar olay, demaysan?
— Sen oʻzing dumingni tutqazasanmi hech? Boloxonadagi shotirlaring aytishmadimi, necha marta bordim. Bir borganimda Manzura ham yoʻq ekan. Yana bir borsam, Germaniyaga ketibdimi? Tinchlikmi oʻzi?
— Ha... oʻgʻillarini sogʻingan-da. — Asadbek toʻydan ogʻiz ochsa, gina-yu malomatlar yogʻilishini bilib, gapini qisqa qilib qoʻya qoldi.
— Uchta cholni olib, Qoʻqonga borib keldim. Sobitxon salom dedi senga.
— Oʻzi sogʻmi?
— Ancha yaxshi. Qoʻltiqtayoqda yuryapti.
— Qoʻqonga ketyapman, deb aytsang oʻlarmiding?
— Oʻzingni koʻrmasam, arvohingga aytamanmi? Nima, bormoqchimiding?
— Borsam-bormasam, aytsang moshina toʻgʻirlab berardim.
— Obbo... Moshin bitta sendagina bormi? Sening moshinang boʻlmaydi bunaqa ishlarga.
— Nega?
— Seniki minnatli. Sen burnining tagiga soch qoʻygan qurruqlaringdan bittasiga buyurasan. U xoʻp, deydi-yu, ammo ichida mingʻirlaydi. Bizga bunaqasi ketmaydi. Bizga xolis xizmat kerak.
— Sobitxon bilan ancha gaplashgandirsan?
— Gaplashdik.
— Ogʻayningiz kasal boʻlsa, sal shirinroq gapiring, demadimi?
— Dedi. Sen qanaqasan oʻzing, kasal boʻlsang kasalga oʻxshab yot. Sen oʻzingga yopishgan kasalga ham qasam ichirvorasan. Kasallikning ham hurmati boʻladi. Izzat qilib yotsang, ikki-uch kun mehmon boʻladi-yu, ketadi. Senga oʻxshab itni gijgijlaganday oyoqda yursa, kasal irillab, suyagini gʻajib yotaveradi. Sen endi gapni aylantirma. Isitmang koʻtarilgani uchun chaqirtirmagandirsan meni? Nima darding bor, ayt.
— Sen sassiq bir odamsan, senga gapirgan odam baraka topmaydi-yu, men dardimni aytaymi? Senga birov yarasini koʻrsatsa, malham qoʻyish oʻrniga tuz bosasan.
— Tuz ham dori, ogʻayni, bu — bir. Sassiq boʻlsam ham kuningga mengina yarayman, bu — ikki. Sening mendan boshqa doʻsting yoʻq, bu — uch.
— Bekor aytibsan.
— Agar shuni bilmasang — gʻirt ahmoqsan! Atro-fingdagilar doʻstmi senga? He, yoʻq... ular doʻst emas, ular MANFAAT. Atrofingdagilar ishi bitgunicha eshakni ham togʻa deb turishmaydimi? Oʻsha eshakning jiyanlarini oʻzingga doʻst deb bilasanmi?

Bu gaplarni eshitib, Asadbek asabiylashdi. Uni bu safar jahlini qoʻzgʻotgan narsa — haqiqat edi. Chin doʻsti yoʻqligini uning oʻzi ham bilardi. Oʻzi bilgan haqiqatni boshqa odam tilidan eshitish malol keldi.
— Oʻchirasanmi, yoʻqmi?! — dedi u ovozini balandlatib.
— Boʻpti, oʻchirsam oʻchirdim. Endi sen gapir.

Asadbek unga olayib qaradi. Bir necha daqiqa burun koʻrishni istayotgan odam endi uni chaqirtirganiga pushaymon boʻldi.
— Ketaver, gapim yoʻq... koʻrgim keluvdi.
— Oʻzi keldi yor-yor, oʻzi ketdi yor-yor... Bizning ish shu-da. Gaping boʻlmasa ketdim, ogʻayni. — Jalil fotiha oʻqib, oʻrnidan turdi. Ostonaga yetganida Asadbek uni toʻxtatdi.
— Qayt, oʻtir joyingga, — dedi-da, sukutga toldi.

Jalil «Qoʻshning yomon boʻlsa — koʻchib qutulasan, xotining yomon boʻlsa — qoʻyib qutulasan, oshnang ahmoq boʻlsa — dardingni kimga aytasan?» deb mingʻirlaganicha joyiga qaytdi. Uning oʻrnidan turib, ketmoqchi boʻlgani shunchaki poʻpisa edi. Asadbek toʻxtatmagan taqdirda ham hovliga chiqib, soʻng bir bahona bilan qaytardi. U «rang koʻr, hol soʻr», deganlaridek, oʻrtogʻining ahvolini bilib turardi, ruh azobini uncha sezmasa-da, tan azobini salqigan mijja, quruq yoʻtalning oʻzidanoq his etardi. Bek akasining yoʻqlovini bildirgan yigitdan «akangning kayfiyati qanday?» deb soʻraganida u javob oʻrniga boshini sarak-sarak qilib qoʻygandayoq, koʻngli bir noxushlikni sezgan edi. Agar qorongʻuda kirib kelmaganida hovlidagi inson qonlarini koʻrardi. Ana oʻshanda oʻrtogʻi bilan savol-javobi boshqacha boʻlardi. U hovliga kirib toʻxtagan joyida oyogʻiga ilingan qonni koʻlmakda hosil boʻlgan balchiq deb oʻyladi. Uyga kirib poyafzallini yechayotganda ham qonga koʻzi tushmadi. Uning uchun bir narsa oydin — oʻrtogʻining vujudida xastalik bor. Asadbek dilidagi yarani esa u sezmaydi.

Jalil «gaping boʻlsa, ayt» deganday oʻrtogʻiga tikilib oʻtiraverdi.
— Toʻgʻri aytding, — dedi nihoyat Asadbek, — sassiq boʻlsang ham oʻzingdan oʻtadigani yoʻq... Bolalarni koʻrib turasanmi?
— Qaysi bolalarni?
— Mahalladagi... Baxtiyor, Shavkat, Rahmat, Nusrat...
— Kam koʻraman. Hamma oʻzining tashvishi bilan ovora. Birov birovdan gina qiladigan zamon emas. Anavinda Shoqosimni koʻruvdim. Beldan olibdi. Toʻqson yashar cholday gajak boʻlib yuribdi.
— Futbol oʻynaganimizda zoʻr edi, a? Esingdami qoʻli singani?
— Esimda... sen yiqitib sindiruvding.
— Men atay yiqitibmanmi, oyogʻim chalishib ketuvdi.
— Sening oyogʻing hozirgacha ham chalishadi.
— Boʻldi, sasima.
— Xoʻp, sasimadim. Menga qara, doʻxtir tanish- laring koʻp. Shoqosimni bir qaratsang-chi? Shu yoshida qiyshayib yurishi menga yoqmayapti.
— Yaxshi aytding. Zoʻr doʻxtirga qaratamiz. Jalil, oshna bolalarni bi-ir yigʻmaysanmi?
— Senikigami? Kelishmaydi.
— Nega?
— Sen ulardan oʻzingni baland tutding. Ulardan oʻzing uzoqlashding. Biz bolalikda qancha edik, hozir nechta qoldik, bilasanmi? Kozim, Rahim, Turob, Habib, Mannop... Bittasi oʻttiz beshda ketdi, bittasi qirqida ketdi... Janozalariga bormading-ku? Sagʻirlariga bir burda non bermading-ku?
— Ha, gapiraver, ogʻiz oʻzingniki, tilingning suyagi yoʻq. Xudo hech boʻlmasa sening tilingni suyakli qilib yaratganida qanday yaxshi edi...
— Sen Xudoning ishiga aralashma. Oʻzingni bil. Mening tilimga suyak soʻraguncha, oʻzingga imon tila.

Bu gapni eshitib, Asadbek achchiqlandi. Oʻrnidan bir qoʻzgʻolib olib, oʻrtogʻiga oʻqraydi.
— Nima demoqchisan? Hali men imonsizmanmi?!
— Bu yolgʻiz Xudogagina ma’lum. Lekin bilib qoʻy: mahallaga machit qurdirganing bilan imonli boʻlib qolmaysan. Mingta machit qurdir-u, oʻzingning peshanang sajdaga tegmasa bir pul.
— Men machitni pesh qilganim yoʻq senga.
— Men ham shunchaki aytdim.

Asadbek chindan ham gʻazablana boshlagan edi. Gap talashuv shu zaylda davom etsa, oʻrtogʻining koʻnglini ogʻritib qoʻyishi mumkinligini fahmlab, sukut saqladi. Jalil bu sukutni magʻlublik alomati deb oʻylab, gʻoliblarga xos qarash bilan oshnasidan yana soʻz kutdi.
— Nima qilasan, bolalarni yigʻasanmi? — dedi nihoyat Asadbek, avvalgi mavzuga qaytib.
— Aytdim-ku, senga... — dedi Jalil oʻsha qaysarlik bilan.
— Menikiga kelmasa, uyingga chaqir. Boʻlmasa... choyxona bor. Bitta osh mendan.
— Oʻh-hoʻ... juda kattaga tushasan-ku, a? Oshnam, hamyoning koʻtara olarmikin buncha xarajatni? — dedi Jalil piching bilan. Asadbek unga bir sapchimoqchi boʻldi-yu, uning quvlik bilan jilmayganini koʻrib, shashti pasaydi. «Ponani pona bilan chiqaradi», deganlariday oʻzi ham piching bilan javob qaytardi:
— Hamyonim koʻtarmasa Jalilboyvachcha degan oshnam bor, qarab turmas axir.

Suhbat shu zaylda davom etaverdi. Dam kinoya, dam gʻazab, dam poʻpisa ohanglari bir-birlariga iltifot qilib, suhbat maromiga hojalik qildilar. Jalil ketishga shoshilmadi. Asadbek esa uni quvmadi.

Asadbek soʻzni asosiy maqsadga burishga qanchalik urinmasin, shu gapga kelganida tili aylanmay qolaverdi. Yoʻq, u oshnasiga qizi fojiasi yoki bugungi otishmani aytishni niyat qilmagan. Uning maqsadi boshqa.

Qizini sharmandali holda koʻrib, iziga qaytayotganida xayoliga «nima uchun meni Xudo yomon koʻrib qoldi?» degan savol urildi. Bu savolni keyinroq ham tez-tez esladi. Elchinni tirik koʻrganida ham xayolini shu savol bir yoritib oʻtdi. Bu savolga oʻzi javob topa olmas edi. Jalil kelganida undan soʻramoqchi boʻldi. Lekin oʻzi bilmagan qandaydir kuch uni toʻxtatdi. Sukutga berilgan onlari xayolan Jalilga shu savolni berdi. Jalil esa unga:
— Avval Xudo seni yaxshi koʻrarmidi? — deb javob qiladi.
— Avval hamma ishlarim silliq edi. Boshimga bunchalik balo toshlari yogʻilmagandi.
— Xudo seni sinayotgan edi. Sen boshqalarning boshiga ofat toshlari yogʻdirib kun koʻrding. Endi bu toshlarni oʻzing ham bir totib koʻr-chi? «Pichoqni oldin oʻzingga ur, ogʻrimasa birovga ur», degan hikmatni eshitmaganmisan? Sen bu hikmatga amal qilmading. Pichoqni avval birovlarga urib, lazzatlanding. Endi esa pichoq etingni sal tilib ketsa, voy-voylab oʻtiribsan...

Asadbek doʻsti bilan xayolan shunday bahs yuritib «Bu odamdan faqat shunaqa sassiq gap olasan» degan qaror bilan savolini tiliga chiqarmadi.

Jalil «shunday soʻrrayib oʻtiraveramizmi, ul-bul olib chiqay», deb ukasinikiga yoʻl olganida uning izidan yana shu savolni xayolan berib koʻrib, bu safar loʻndaroq javob oldi:
— Xudo seni nima uchun yaxshi koʻrishi kerak?..

2

Jalil ukasinikidan qaytayotganida Chuvrindiga yoʻliqdi. Mashinadan tushiboq xush kayfiyat bilan koʻrishgan Chuvrindi eshikni ochmoqchi boʻlganida Jalil uni toʻxtatdi:
— Akangga nima boʻldi?
— Nima boʻpti? Bilmasam... Uyga borsam yoʻqlar, hoynahoy shu yerdadirlar, deb kelayotganim.
— Shunaqami?... — Jalil achchiqlanib «it ham egasiga bunchalik vafodormasdir», deb oʻyladi, soʻng Chuvrindining bilagidan ushlab, oʻziga qaratdi: — menga yaxshiroq qara-chi, ahmoqqa oʻxsharmikinman?
— Ie, Jalilxon aka, nimaga unday deysiz?
— Men akang bilan koʻcha changitib yurganimda sen adangning belida ham yoʻq eding. Men ogʻaynimning koʻziga qarab, ichida dardi borligini bilaman. Hali sen meni laqillatmoqchi boʻlasanmi, ayt, nima gap oʻzi?
— Oʻzlaridan soʻramadingizmi?
— Oʻzi dardini aytadigan odammi?
— Sizga aytmagan sirlarini menga aytarmidilar. Men ham hayronman, oʻzi. Kennayim ketganlaridan beri kayfiyatlari yoʻqroq.
— Doʻxtirga qaratyapsanmi? Yoʻtali juda xunuk-ku?
— Doʻxtir dori bergan. Xudo xohlasa yaxshi boʻlib ketadilar.

Jalil undan gap ololmasligini bilib, bilagini qoʻyib yubordi. «Bir goʻrsanlar hammang», deb ichkari kirdi. Uyga kirgach, Chuvrindi biron ishora qilarmikin, deb kuzatdi. Asadbek a’yonining jilmayib salom berishidanoq ish yaxshi bitganini fahmladi. Ortiqcha imo-ishoraga hojat qolmadi.

Chuvrindi avval uyga oʻtgani, soʻng bu yoqqa tavakkal qilib kelaverganini aytib, tanchaning bir tomonini egallab oʻtirdi.

Jalil ukasinikidan olib chiqqan dasturxonni oʻrtaga qoʻydi.
— Jiyan hozir choy olib chiqadi, — dedi u, — ukam ismenda ekan, kelinga aytdim, mastavaga unnadi. Bir terlasang, yengil tortasan.
— Bekor ovora qilibsan, uyga boraqolamiz, — dedi Asadbek.
— Toʻxta endi, mastavani ichib ket. Jiyanlarim aytishdi: hali shu tomonda miltiq otilganmishmi? — Jalil shunday deb ikkoviga sinovchan boqdi.
— Agar sening jiyanlaring eshitishgan boʻlsa otilgandir. Senga-yu, urugʻlaringga Xudo jagʻ bilan quloqni ikki normadan qilib bergan. Miltiq ovozini eshitishgan boʻlsa... bitta-yarimta qargʻa otgandir.
— Gaping toʻgʻri, — dedi Jalil, — hozir goʻsht qimmat, qargʻani otib, qozonga bosgandir. Oʻzi azaldan shu mahallada qargʻa otib tirikchilik qilishadi. Oʻzing ham qargʻa goʻshti yeb katta boʻlgansan, esingdami?

Chuvrindi ikki oshnaning bu ilmoqli gaplaridan kuldi.
— Gapga ham toʻn kiygʻizvorasiz-da, ammo aka, — dedi Jalilga, — Eskiroq moshina oʻtgan boʻlsa, paqillagandir.
— Ha... men ham shunaqa dedim ularga. Miltiq-piltiq degan gaplarni yigʻishtirlaring, senlarga shunaqa tuyulgan, dedim.

Shu gapdan soʻng Asadbek Chuvrindiga ma’noli qarab qoʻydi. Jalil bu qarashda bir sir yashiringanini sezib, bu haqda soʻz ochib xato qilganini fahmladi.

Chuvrindi kelguniga qadar bolalikning mas'ud damlariga qaytib, koʻngil gʻubori koʻtarilayotgan Asadbek yana bugungi kunning zaharli havosidan nafas ola boshladi. Goʻyo Chuvrindi bilan birga bu xonaga kunning izgʻirinli tashvishlari ham qaytganday boʻldi. Toʻp tepib, qiyqirib yurishlar, oʻrtogʻining qoʻli singani, koʻkragi yongʻoqday boʻlib qolgan hurkak qizlarga tegajoqlik qilishlar... hammasi iziga qaytmas oʻq kabi uchib oʻtib ketgani yana bir karra ta’kidlandi goʻyo. Uchinchi odam oraga qoʻshilgach, ikki oʻrtoqning surur bulogʻidan suv ichayotgan suhbati loyqalandi. Chuvrindi indamay oʻtirgani bilan ular gʻuborsiz bolalik ummonida erkin suza olmas edilar. Suhbat mavzui oʻzi istamagan soʻqmoqlarga burilavergach, Asadbek siqila boshladi. Undagi oʻzgarishni sezgan Jalil «Qaray-chi, mastava pishdimikin?» deb oʻrnidan turdi. U chiqib ketishi bilan Chuvrindi Elchinni qay ahvolda kasalxonaga eltganini ma’lum qildi.
— Uyga doʻxtir chaqira qolmabsan-da, — dedi Asadbek norozi ohangda
— Shunaqa qilmoqchiydim... lekin... Zaynab...
— Nima boʻldi? — dedi Asadbek xavotir bilan.
— Dorining xumori tutgan shekilli. Sal notinchroq edi. Hozir shu kelishimda xabar oldim.

Inqillab yotibdi. Yolgʻiz qolmasin, deb keliningizga odam yubordim. Ikki-uch kun yonida turadi. Xumordan qutulguncha qiynaladi. Balki...
— Nima demoqchisan, aytaver.
— Balki kasalxonada davolatsakmikin?
— Kallang joyidami?! Boshmi bu yoki tomosha qovoqmi? Kim u, bilasanmi? Asadbekning qizimi yo koʻchada it ham, bit ham tepib oʻtadigan odammi? Bir marta kasalxonaga yotqizganing kamlik qildimi?
— Men bilib oʻtiribmanmi?..
— Bilishing kerak edi. Ogʻzingga pashsha oʻtirib ketsa ham lallayib yotaver, «bilibmanmi...» deb.

Jalil qaytib kirguniga qadar ham Asadbekning gʻazab oʻqlari tugamadi. Chuvrindi esa ertakdagi bahodirlarday koʻkragini bu oʻqlarga tutib, chidam bilan turaverdi.

Mastava shoʻr tuyulib, Asadbek uch-toʻrt qoshiqdan ortiq icholmadi. Chuvrindi esa irimiga lab tekkizib qoʻydi. Jalil ularga e’tibor bermay mastavani xoʻrillatib ichib, kosani boʻshatdi.
— Endi uyga boramiz, — dedi Asadbek, labini sochiqqa artayotgan oʻrtogʻiga qarab.
— Hamma uy-uyigami? — deb aniqlashtirdi Jalil.
— Yoʻq, sen menikiga borasan. Gaplashib yotamiz.
— Boring, akaxon, — deb hojasini quvvatladi Chuvrindi, — bir kun ming kun boʻlarmidi, bi-ir otamlashib yotasizlar.
— Borsam boraveraman-da, uyda emizikli bolam qolib ketarmidi, — Jalil shunday deb kosalarni yigʻishtirdi-da, tashqariga yoʻl oldi. Asadbek ham oʻrnidan turib hovliga chiqdi.
— Odamlaringga tayinla. Pashsha ham uchib oʻtmasin bu hovliga. Kun yorishganda qon tekkan yerni qirib tashlashsin. Jalilning gaplarini eshitding-a, isi chiqmasin.
— Bolalarni?..
— Ularga tega koʻrma. Lekin shu atrofdagilarning ogʻzi mahkam boʻlishi kerak. Nima qilish kerakligini oʻylab koʻr.

«Oʻylab koʻr», deyish oson. Ammo oʻylab, eng ma’qul yoʻlni topishning oʻzi boʻlarmi ekan? «Ikkita, uchta oʻq ovozi boʻlsa edi, eshitganlar unga e’tibor berishmasa,— deb oʻyladi Chuvrindi. — Oʻlikka shuncha oʻq uzish shartmidi?..»

Shart emas edi. Bu Asadbekka ham ma’lum narsa. Ammo oʻshanda unga hokimlik qilgan gʻoyib kuchi shunga majbur etdi. Chuvrindining bu holni his qilishi mushkul.

Ayni chogʻda ogʻir tuyulgan bu masalaning yechimini Chuvrindi tongda topdi. Hosilboyvachchaning yigitlari bilan boʻlgan uchrashuvdan keyin Halimjon Chuvrindining topshirigʻiga koʻra tergovchi qiyofasida qoʻni-qoʻshnilarnikiga bir-bir kirib chiqdi. Ajoyibotni qarangki, ularning birontasi ham oʻq ovozini eshitishmabdi. Hatto Jalilning jiyanlari ham «Oʻq ovozini eshitdinglarmi?» degan savolga «Qanaqa oʻq?» deganlaricha bezrayib turaverishdi.

Bu manzara ertaning ishi. Bu kech esa Asadbek topshiriqni berib mashinaga oʻtirdi. Chuvrindi ikki oshnani kuzatgach, uyiga qaytishga otlandi. Yoʻl-yoʻlakay yana Zaynabdan xabar oldi. Xotini yetib kelgan, oʻqchiyotgan Zaynabga choy tutib, «iching, aylanay, terlasangiz oʻtib ketadi», deb zoʻrlayotgan edi.
— Qanaqa choy beryapsan? — deb soʻradi Chuvrindi, ostona ogʻzida toʻxtab.
— Koʻk, — dedi xotini.
— Famil damla. Rosa achchiq boʻlsin.

Shunday deb yana bir oz turgach, iziga qaytdi.

3

Tong gʻalati manzara bilan otdi.

Mashriqdagi bulutlarning chetlari qontalash, ammo bagʻri qora edi. Kechasi bir sidra yogʻib, yer yuzasini omonat qoplagan qor esa bagʻriga sukunatni singdirgan. Serqatnov koʻchalardagi qor mashina gʻildiraklari ostida ezilib, erib ketgach, sukunat ham chekindi. Shovqin Asadbek yashaydigan mahallaga ham yetib keldi.

Yarim tunga qadar gurunglashgan ikki oshna hali uyquda — tong manzarasini koʻrishdan bebahra edilar. Jalil uyqu hukmiga boʻysunib bomdod namozini ham boy berdi. Tashqarida gʻovur-gʻuvur tovushlar qulogʻiga kirgan Asadbek koʻzlarini yarim ochganicha boshini koʻtardi. Ovozlarga quloq tutdi. Soʻng erinibgina oʻrnidan turib, hovliga chiqdi. Muzdek toza havo toʻgʻri oʻpkasiga urilib, yoʻtali qoʻzidi. Yoʻtal ovozini eshitgan darvozaxonadagi chollar ham, ularning yoʻlini toʻsib turgan yigit ham uy tomonga qaradilar.
— Nima gap? — dedi Asadbek, yoʻtali tingach.
— Gaplari bormish, — dedi yigit aybdor odamning ovozi bilan. Soʻng oʻzini oqlash maqsadida izoh berdi: — Uxlayaptilar desam ham koʻnishmayapti.
— Bek inim, ikki ogʻiz gapimiz bor, aytamizu ketamiz. Sizni uchratishimiz osonmi, bu toʻrtinchi kelishimiz, hayriyat, uyda ekansiz, — dedi chollardan biri.
— Kiraveringlar, men hozir, — Asadbek shunday deb yuvinishga oʻtdi. Yigit «uyga kiringlar», desa ham chollar ayvonda, tik turgan holda kutishdi. Asadbek yuvinib chiqib, ular bilan koʻrishgach, uyga taklif qildi. Chaqirilmagan mehmonlar bu lutfni qaysarlik bilan qabul etmadilar.
— Bek inim, bizdan ranjimang, bomdoddan chiqib kelaverdik. Sizning ishingiz koʻp, bilamiz, kunduzi uchratishimiz qiyin. Bir masalani hal etib bermasangiz boʻlmay qoldi-yov, — dedi dastlab uzr soʻragan qariya.
— Qanaqa masala?
— Machit bitay deb qoldi, Olloh sizdan rozi boʻlsin. Bunaqa serfayz machit bu atrofda boshqa yoʻqdirov... Ammo-lekigin... machitda it bogʻloqlik tursa yomon boʻlar ekan. Shu itni yoʻqotib bering, jon inim.
— It? Qanaqa it? — deb ajablandi Asadbek.
— It deganimki... — qariya qoʻpolroq gapirib yuborganidan xijolat tortib, soqolini tutamlaganicha izoh berdi: — mutavallimiz Abdukarimni aytaman...
— Ha, Koʻsamullami? Yana qanaqa hunar koʻrsatdi? Tanobini tortib qoʻyuvdim-ku?
— Koʻsamullangizning hunari koʻp, Bek inim. Uning avval kim boʻlgani oʻzingizga ma’lumdir? Hozir tamoman machitning xoʻjasi boʻlib oldi. Keksani keksa demaydi, yoshni yosh demaydi. Xohlaganini uradi, xohlaganini soʻkadi. Qilayotgan ishing musulmonchilikka toʻgʻri kelmaydi, deb aytsak qulogʻiga ilmaydi.
— Qulogʻiga gap kirmasa orqasiga boplab tepmaysizlarmi?
— Tepishga tepardigu, ammo-lekigin bir nima desak «machitni menga Bek akam topshirib qoʻyganlar» deb dagʻdagʻa qiladi.
— Bekorlarni aytibdi. Machit sizlarniki. Lekin... yozda ham shunaqa gap chiqqanida chetlashtiruvdim, a? Qurilish ishlarini qiladigan boshqa odam topmadinglar. Baqirib-soʻksa ham ishni yuritib turuvdi. Yana oʻylab koʻringlar. Mutavallilikni olsalaring olinglar. Unga boshqa ish beringlar. Mayli, soʻfilik qilsin, ovozi oʻtkir-ku?
— Hay-hay, asti unday demang. Agar u soʻfi boʻlsami... — qariya kulimsiradi, — u azon aytishni boshlasa dunyodagi bor eshaklarning bari hangrab yuborar...
— Unda bilganinglarni qilaveringlar.
— Bek inim, yana chollar gʻiybatchi ekan, deb oʻylamang. Machitda yuradigan odam pokizaroq boʻlishi kerak-da. Bu Koʻsamullangiz bitta rost gapga toʻqson toʻqqiz yolgʻonni qoʻshib tursa... Yolgʻonning gunohi juda katta ekan. Agar bu Koʻsamullaning ogʻziga pilik tutib yoqib qoʻyilsa, to qiyomatga qadar oʻchmas-ov... Bek inim, Koʻsamullangizni oʻzingiz chaqirib, mutavallilikni topshir deb qoʻying.
— Xoʻp, — dedi Asadbek ensasi qotganini yashirmay. — Machitga qadam bosmasa, hisobmi?
— Yoʻ-oʻq, machitga kelib ibodatini qilaversin, faqat...
— Boʻpti, gaplashib qoʻyaman, — Asadbek beodoblik boʻlsa-da, shart burilib, uyiga kirib ketdi.

Chollar uning ranjiganini anglab, bosh chayqadilar-u koʻcha tomon yurdilar. Darvozaxonaga yetganlarida «chaqirib qolarmikin», degan ilinjda orqalariga qarab oldilar. Uy tomondan sado boʻlmagach, tarvuzi qoʻltigʻidan tushgan odam kepatasida koʻchaga chiqdilar.

Ular darvozadan uzoqlashmay turib Chuvrindining mashinasi kelib toʻxtadi. Chuvrindi ularga bir qarab olib, darvoza ostonasida turgan yigitdan «Ha, tinchlikmi, nimaga kelishibdi?» deb soʻradi.
— Bilmasam, mutavalli degan odamdan shikoyat qilishdi shekilli.
— Shu yetmay turuvdi, — dedi Chuvrindi mingʻirlab. — Kim ivirsib kelsa, ichkariga qoʻyaverasanmi?
— Kiramiz, deb gʻalva qilib turib olishdi. Keyin Bek akam «kiraverishsin», dedilar.
— Nonushta tayyorladilaringmi? Hamshira kelib ketdimi?
— Yoʻq. Moshina yuborganman. Hozir kelib qoladi.

Nonushta tayyor boʻlgunicha hamshira kelib, emlab ketdi. Nonushtadan soʻng Jalil tashrifi uchun ajratilgan vaqtning yakuniga yetganini anglab duo oʻqidi-da, oʻrnidan turdi. Asadbek «yana birpas oʻtir», deb lutf qilmay, uni kuzatgani qoʻzgʻaldi. Hojasining oʻrniga Chuvrindi manzirat qildi:
— Akaxon, doim shoshib turasiz-a, gurunglashib oʻtiruvdik-da...
— Men ishlaydigan odamman. Ishlasam menga bir burda non berishadi, ishlamasam, yoʻq. Bolalarimning rizqini halol topaman. Senlarga oʻxshagan bekorchi boʻlganimda biqsib yotaverardim.
— Yigitlarga ayt, olib borib qoʻyishsin.
— Onam meni moshinada tugʻmaganlar, avtobusda ketaveraman, — dedi Jalil.
— Akaxon, mashina tayyor-a, — dedi Chuvrindi.
— Qoʻy, uka, men moshinaga oʻrganmagan odamman. U senlar, hojatxonaga ham moshinada boradigan.

Jalil shunday deb turganida darvozaxonada Kesakpolvon koʻrindi. Jalilga koʻzi tushishi bilan chehrasi yorishdi. Sogʻinganining diydoriga yetishgan baxtli odam kabi qulochini keng yoyib kelib, Jalilni quchoqladi. Tuni bilan ichilgan aroqning sassiq hidi dimogʻiga urilgani hamon Jalil aftini burishtirib, Kesakpolvonni nari itardi:
— Choʻchqaxonada yotganmisan, nima balo?
— Oʻ, akaginam, irganmang bizdan, — dedi Kesakpolvon Jalilning gapini hazil oʻrnida qabul qilib.
— Irganayotganim yoʻq. Sendan taralayotgan hid oʻnta choʻchqaxonaga asqotadi. Sen yuviqsiz bilan koʻrishgan odamning oxirati ham kuyib ketadi.
— Sal pastroq tushing, akaginam, — dedi Kesakpolvon qiyqirib kulib, — ja oshirvordingiz, odamlar etagimda namoz oʻqiyman, deb navbat kutib turishibdi-ya...
— Ol-a, — dedi Jalil, ensasi qotib. — Sening etagingda namoz oʻqishga shayton ham hazar qilar. Kiymingni itga tashla-chi, ustiga chiqib yozilarmikin?
— Boʻldi, akaginam. Shu gap bilan oʻldirib qoʻya qoldingiz, — Kesakpolvon shunday deb yana quchoqlamoqchi edi, Jalil tislanib, uni oʻziga yaqinlashtirmadi. Kesakpolvon buni ham hazil oʻrnida qabul qilib, xoxolab kulganicha dedi: — Sizda zarur gapim bor. Kechqurun uyingizga boraman.
— Shunaqa ahvolda yuviqsiz borsang uyga kiritmayman, yana dod deb yurma.

Jalil shunday deb koʻcha tomon yurdi. Kesakpolvonning koʻzi Asadbekning qahrli nigohi bilan toʻqnashib, sergak tortdi.
— Shunaqa boʻlib yurgandan koʻra oʻlganing yaxshiroq emasmi? — dedi Asadbek qahr bilan. — Bir marta maishatdan qolsang, miyangga urib ketarmidi?
— Jahling chiqmasin. Oʻzimcha maishat qilganim yoʻq. Gʻilaydan gap olishim kerak edimi?
— Xoʻsh, nima gap olding?
— Hali tayinli bir nima demadi. Lekin biz tomonga butunlay ogʻdi — gap yoʻq! Men uni odam qilaman.
— Sen unga yaqinlashmay tur. U bilan Mahmud ishlaydi.

Asadbekning bu gapi Kesakpolvon uchun kutilmagan tarsakiday boʻldi. Shu sababli «xato eshitdimmi yo hazillashyaptimi?» deganday unga qarab qoldi.
— Nimaga baqrayyapsan? — dedi Asadbek uyi tomon yurib.
— Kechagi gap boshqa edi-ku? Nima uchun endi uni Mahmudga oshiryapsan? — dedi Kesakpolvon zardali ovozda. Chuvrindi ularning tortishuviga aralashmaslik uchun oʻzini chetroqqa oldi.
— Vaqti kelsa bilasan, — dedi Asadbek orqasidan ergashib kelayotgan Kesakpolvonga qaramay. Uyga kirib oʻtirgandan keyin Kesakpolvonning savol nazari bilan tikilib turganini koʻrib, yumshoqroq tarzda izoh berdi: — Mahmud balki u bilan birga Maskovga borib kelar.
— Men olib borsam-chi?
— Sen avval oʻrischa gapirishni oʻrgan. «Tvoyo-moyo»dan nariga oʻtolmaysan.
— Maskovda nima qiladi?
— Vaqti kelganda bilasan.
— Nima uchun men hamma narsani oxirida bilishim kerak. Endi men itning keyingi oyogʻi boʻlib qoldimmi? Menga ishonmayotgan boʻlsang ayt. Xohlasang orqamga bir tepib, koʻchaga haydab chiqar. Gʻing degan nomard!
— Sasima... Gʻilay qaerda?
— Mashinada. Kirsinmi?
— Yoʻq! U iflosning oyogʻi ostonamga tekkan kuni chotini yirib osib qoʻyaman, bildingmi? Sen boshlab kirsang, seni ham ayamayman.

Gʻazab bilan aytilgan bu tahdidning zamirida chinakam zulm mavjudligini Kesakpolvon sezdi. Ammo unga bir narsa qorongʻu edi. Hosilboyvachchani nima uchun oʻldirdi-yu, laychasiga hayot in'om etgani holda endi bu qadar nafratlanyapti? Asadbekning Hosilboyvachchani yoqtirmasligi Kesakpolvonga ma’lum edi. Lekin uni oʻldirish uchun shuning oʻzi sabab boʻlolmasligini ham bilardi. Chunki Asadbek koʻp odamlarni yoqtirmaydi. Lekin shu paytgacha yoqtirmagan odamlaridan birontasini oʻzi oʻldirmagan edi. Kesakpolvon maishat bahonasida chindan ham Gʻilaydan gap olmoqchi edi. Gʻilay hojasining oʻlimi sababini bilmasmidi yo oʻzini merovlikka soldimi, harholda tayinli gap aytmadi.

Chuvrindi kirib, xontaxtaning poygak tomoniga oʻtirdi.
— Bek, sen hammamizga xoʻjayinsan. Shu paytgacha aqlim yetganicha maslahat berganimda xohlaganingni olib, xohlamaganingni nari otding. Men gʻing demadim. Maslahatimga quloq solganingda hech yomon boʻldingmi? Hozir jahling chiqib turgan boʻlsa ham aytay: Gʻilayni Mahmud eplay olmaydi. Gʻilayni ham, shotirlarini ham bilaman. Ular bizning yigitlarga oʻxshashmaydi.
— Boʻldi, choʻzilma. Odamlarni qaerga yigʻasan?
— «Yalta»ga. Hozir oʻsha yer tinch.
— Hammasi keladimi?
— Gʻilay tayinlagan.
— Mahmud, sen bogʻni oʻrab olasan. Ishkal chiqsa bittasi ham tirik qolmasligi kerak. Haydar, sen Gʻilayni boqqa olib bor. Hamma toʻplanganidan keyin menga xabar berasanlar.
— Oʻzimiz gaplashib qoʻyaqolsak-chi? Sening borishing shartmi?
— Shart! Chiqaverlaring.

A’yonlar oʻrinlaridan qoʻzgʻalishdi. Chuvrindi ostonaga yetganida Asadbek uni chaqirdi:
— Mahmud, toʻxta, gap bor.

Kesakpolvon «Yana yashirin gapmi?» deb gʻashlanib, tashqariga chiqdi.
— Zaynabdan xabar olmadingmi? — deb soʻradi Asadbek yolgʻiz qolishgach.
— Hozir kirib keldim. Keliningiz qarayapti. Kechagidan ancha tuzukka oʻxshaydi. Kasalxonadan telefon qilishibdi, kechqurun milisadan kelib ketishibdi.
— Zaynab... bildimi?
— Ha, bilibdi. Yaxshi boʻlib tursa, keliningiz bilan birga kasalxonaga borib kelishadi.
— Yaxshi... borsin... Mahmud, agar ishkal boʻlib hammasini otadigan boʻlsang ham Gʻilay tirik qolsin.
— Nega?
— U kerak boʻladi... Xongireyni koʻrganing esingdami? Hosilning suyangan togʻi oʻsha edi. Shuning uchun ham oliftagarchiligi osmonda edi. Ular nimani kelishishgan, bilmayman. Harholda Xongirey tinch turmas. Gʻimirlab qolsa, tinchitish uchun Gʻilay kerak boʻladi. Qarab turasan, uch-toʻrt kundan keyin Xongirey Hosilni surishtirib qoladi. Hosil meni yanchib tashlamoqchi boʻlganini unga aytgan boʻlishi kerak. Shuning uchun Xongirey birinchi navbatda mendan xavfsiraydi. Gʻilay — asosiy guvoh. U nima desa shu boʻladi. Gʻilay biz xohlagan gapni aytadi. Bogʻdagi ish oxiriga yetishi bilan uni olib ketasan. Isi chiqmaydigan yerga yashirasan. Hatto Haydar akang ham bilmasin. Endi boraver, sergak boʻl.

4

«Yalta» deyilgan joyga, shahar chekkasidagi tashlandiq boqqa Asadbek Halimjon bilan birga bordi. Kesakpolvon bu yerni bekorga tanlamagan edi. Bir tomoni oʻzi aytganday, tinch boʻlsa, ikkinchi tomoni — Asadbekning bolaligi, yoshligi xotiralariga bogʻliqligi edi. Asadbek bu ovloq bogʻda kechalari fonus yoqib qoʻyib, rosa oshiq tepgan. Keyinchalik, qimorni tashlab, «qozilik» martabasiga oʻtirgach, koʻp bahsli masalalar shu yerda hal qilingan edi. Bogʻdagi qurigan, quriy boshlagan daraxtlar qanchadan-qancha odamlarning nolalariga guvoh boʻlgan...

Oʻzlaricha Stalin, Ruzvelt, Cherchill uchrashuvlariga qiyos qilib, da’vogarlarni «Yalta konferentsiyasi»ga taklif qilishar edi. Ana shundan beri bu Oʻrmonbogʻ oʻzining asl nomini yoʻqotib, «Yalta» deb yurgiziladigan boʻlgan edi.

Asadbek «Yalta»ga koʻp yillardan beri kelmagan edi. Biron bir davra bilan oralarida tushunmovchilik yuz bersa ba’zan Kesakpolvon, koʻproq hollarda esa Chuvrindi kelib, masalani hal qilib ketaverardi.

Asadbek mashinadan tushishga ulgurmasidan uni Chuvrindi qarshi oldi.
— Hammayoq tinch, — dedi u hisob berib. — Qurollarini berishdi.
— Sapchishmadimi?
— Yoʻq. Hozircha yuvoshgina turishibdi.
— Hammasi yigʻildimi?
— Toʻrttasi Krasnoyarda ekan.

Asadbek Xongireyning gaplarini eslab, «Hoynahoy Kozlovga ketishgandir», deb oʻyladi-da, fikrini tasdiq etmoq uchun soʻradi:
— Nimaga ketishibdi? Gʻilay aytmadimi?
— Gʻilay bilmasmish. Hosil ularni uyga olib kirib, bir soatcha nimalarnidir tushuntiribdi. Gʻilayning bilgani shu.
— Qachon kelisharkan?
— Yo erta, yo indin.
— Oʻzing kutib ol. Birov bilan uchrashishlariga yoʻl qoʻyma, — u shunday deb bir-ikki qadam yurdi-da, toʻxtab buyurdi: — Krasnoyarga odam yuborsakmikin? Agar Kozlovga yopishishgan boʻlsa, tsisternaning ishkali chiqmasin.

Qishda it urishtiriladigan yaydoq maydonchada Hosilboyvachchaning yigitlari toʻplanib turishardi. Ularning aksari hali oʻttizni qoralamagan, buyurilsa olov dengizi boʻylab yalangoyoq yugurishdan toymaydigan yigitlar edi. Ular ajal tuniday xunuk va shum, tundan qora va zulmkor edilar. Hammalari xuddi olovday, ammo tutun kabi kekkayib, koʻm-koʻk osmonga bosh tortishni odat qilib edilar.

Kesakpolvon Gʻilay bilan chetroqda turardi. U Asadbekning Chuvrindi bilan yonma-yon kelayotganini koʻrib bir gʻijindi-yu, istar-istamay unga peshvoz chiqdi. Gʻilay yangi hojasiga ergashishni ham, ergashmasligini ham bilmay, joyida qotdi.

Asadbek Gʻilayga koʻzi tushishi hamon toʻxtadi. U qizining sharmandali holda suratga olinishida Gʻilayning ham ishtiroki bor, deb hisoblardi. Shu bois avvaliga hojasiga qoʻshib uni ham oʻldirishni istagan edi. Lekin Xongireyga borib taqaladigan masalani yechishda yordami zarur boʻlishini inobatga olib, Gʻilayning umrini bir oz «choʻzdi». «Hosilboyvachchani oʻrgan odamlari ushlab ketgani»ga Xongireyni ishontirishi bilan Gʻilayga hojat qolmaydi. Lekin unga qadar... Vaqti-vaqti bilan Gʻilayni koʻrib turishga majbur. Uni har koʻrganida qizining sharmandali holati koʻzi oldiga kelib ezilaveradi, ezilaveradi... Boshqa chora yoʻq.

Toʻplanib turgan yigitlar Asadbekni koʻrishgach, oʻzga davlat boshligʻini sharaflashga hozirlanganday beixtiyor ravishda saf tortishdi.

Aslida ham shunday edi. Agar ta’bir joiz boʻlsa, Asadbek shaytanat olamidagi «oʻzga davlat» rahbari, yigitlar esa «magʻlub mamlakat»ning fuqarolari edilar. Moziy tiliga koʻchirilsa, ular — qoʻmondonidan ajralgan asirlar edilar. Asirlarning taqdirini esa hamisha gʻolib amirlar hal etganlar. Agar amirning koʻngliga Yaratgan ozgina insof, rahm-shafqat solsa, ularning molu joni omonda, yoʻq esa talonda boʻlganlari sir emasdir. Alhol, agar Asadbek aqliga, qalbiga zulm egalik qilsami, chaqmoqday yonib turgan bir toʻp yigit daqiqaning oʻzida bir toʻp kulga, aniqrogʻi bir toʻp murdaga aylanishlari mumkin edi. Atrofni oʻrab turgan yigitlarga birgina imo kifoya: biqinlariga tiralib turgan toʻpponchalar chiqariladi-yu, tepkilar bosiladi. Ayrimlar «Oh!» deyishga ham ulgurolmay qolishadi. Soʻng... murdalar mashinalarga ortiladi-yu, izsiz yoʻqotiladi. Soʻng...bedarak ketganlarning soni koʻpayadi. Soʻng... kimdir oʻgʻliga, kimdir eriga, kimdir akasi yoki ukasiga aza ochishni ham, umid bilan kutishni ham bilmay yillarni armonda oʻtkazadi...

Yoʻq, unday boʻlmadi. Garchi Asadbekning oyoqlari uni zulm sari yetaklagan boʻlsa-da, inson qoni toʻkilmadi.

Asadbek yigirma qadamcha berida toʻxtab, yigitlarni kuzatdi. A’yonlari uning yonida tek turganlaricha xuddi chuhralarday atrofga olazarak qarashardi. Asadbek Hosilboyvachchaning yigitlariga qarab, ularda besaranjomlik bor yoki yoʻq ekanini aniqlamoqchi edi. U tomonning xotirjam turganini koʻrib, asta yura boshladi. A’yonlari ergashgan edi, orqasiga oʻgirilib, buyurdi:
— Haydar, Gʻilayning yonida tur. Mahmud, sen sal orqaroqda yur.

Asadbek yigitlardan ikki qadam berida toʻxtadi. Ana shu ikki qadam oraligʻidagi masofaga sukunat suqulib kirib hukmronlik oʻrnatdi. Koʻzlar koʻzlarga toʻqnashgan holda qotdi. Ammo sukunatning hukmronligi uzoqqa choʻzilmadi. Yigitlarning chapdastrogʻi «Assalomu alaykum, Bek aka», dedi-yu, qoʻlini koʻksiga qoʻyganicha unga peshvoz chiqdi. Boshqalar oʻylab ham oʻtirmay, unga ergashishdi. Ularning aksari yangi hojalari bilan qoʻshqoʻllab koʻrishishdi. Mana shu manzaraning oʻziyoq «ikki davlat» oʻrtasida gʻolibning foydasiga bitim imzolanganidan dalolat edi. Asadbek ular bilan koʻrishib boʻlgach, «ish koʻngildagiday bitdi», degan xayolda orqasiga qaytmoqni ham oʻyladi. Bu yigitlar oʻz hojalari uchun jon olishlari mumkin, ammo jon berishni istamaydigan toifadan edi. Kecha oqshomda hojalarining Asadbek uyiga kirib ketganicha qaytib chiqmaganini ular bilishardi. Kichik hojalarining bu holda turishining oʻziyoq ularga chorasiz ekanliklarini, ikki yoʻldan birini tanlamoqliklari zarurligini anglatardi. Asadbek kelmasidan ilgariyoq, ular kichik hojalari yoʻlini tanlashgan, gʻoliblar qarshisida bichilgan yuvvosh qul libosiga oʻralgan edilar. Agar Asadbek koʻringanida birov «Tiz choʻklaring!» deb buyruq bersami edi, shubhasiz tiz choʻkardilar, buyruq boʻlsa sajda qilishdan-da qaytmagan boʻlardilar.

Asadbek ular orasida sarosimani, norozilikni, hatto qarshilikni kutgan edi. Yigitlarning mutelik bilan koʻrishishlari uning uchun kutilmagan hol boʻldi. «Agar Hosil meni oʻldirganida mening yigitlarim ham unga shunday poyi-patak boʻlisharmidi?» degan xayol koʻnglini gʻash qilib oʻtdi.

Koʻrishuv marosimi tugagach, yigitlar Asadbekning atrofida yarim doira yasadilar. Tobelik alomati yaqqol sezilib tursa-da, Chuvrindi ehtiyotni shart deb bilib unga yaqinlashdi. Oʻng qoʻli jigarrang charm plash choʻntagidagi toʻpponcha dastasini mahkam siqdi.
— Hosil mening eng qadrdon ukaxonlarimdan, buni bilasanlar, a? — dedi Asadbek vazminlik bilan. — Kecha u uyimga kelib bir iltimos qildi: uzoqdagi bir joyda bitadigan zarur ishi bor ekan. Oʻzi bormasa ishi bitmas ekan. U yoqda bir oy yuradimi, ikki oymi — Xudo biladi. «Zamon nozik, bolalarga koʻz-quloq boʻlib turing», deb iltimos qildi. Sizlarga shu xabarni oʻzim yetkazib qoʻyay deb toʻpladim. Hosilning ketganini siz bilan mendan boshqa hech kim bilmasligi kerak. Birov soʻrasa tushuntirib ham oʻtirmang. «Bilmayman», deng — tamom! Kimning gapi boʻlsa, menga roʻpara qiling. Hosil kelgunicha, mana, Mahmudjon akalaring nima desa, shunga boʻysunasanlar.

Bu gaplarni eshita turib Kesakpolvon betoqatlandi.
— Bilib qoʻy, — dedi u Gʻilayning biqiniga tirsagi bilan asta turtib, — eng muhimi — oʻshandan ehtiyot boʻl. Sen oʻladigan boʻlsang ham shuning qoʻlida oʻlasan.
— Patsan-ku bu, boʻsh kelish yoʻq, — dedi Gʻilay mensimagan tarzda.
— Aqling boʻlsa, shu mishiqilardan qoʻrq. Qovoq kallasiga nima kelsa shuni qiladi.

Gʻilay «seniki ma’qul» deganday bosh irgʻab qoʻydi.

Asadbek gapini oxiriga yetkaza olmadi — yoʻtali tutdi. Chuvrindi ildam ravishda uning yoniga kelib, gapini davom ettirdi:
— Oʻylab koʻrlaring: senlarni zoʻrlash yoʻq. Hosil kelgunicha birga ishlaymiz, desalaring, gap yoʻq. Koʻnmasalaring, yana oʻzlaring bilasanlar. Lekigin tuxum bosib oʻtirasanlar, pista qilib yurasanlar. Gʻiring-piring degan gap chiqarsalaring tuxumlaringni quritaman.
— Eshitdingmi? — dedi Kesakpolvon yana Gʻilayni turtib, — Hosil kelgunicha birga ishlaysanlar. Keyin Hosil kelib, oʻzi bilan olib ketadi.

Gʻilay «patsanning oʻzini asfalasofilinga joʻnatmay tagʻin!», demoqchi boʻldi-yu, tilini tiydi. Har- holda bular orasidagi munosabatni yaxshi bilmaydi. Oralarida sovuqlik mavjud degani — bir-birlariga dushman, degan gap emas. Bugun bunday deb toʻngʻillab, ertaga tugʻishgandan ziyoda ravishda apoq-chapoq boʻlib yuradiganlar kammi dunyoda?
— Qani, oʻyladilaringmi, nima deysanlar? — Chuvrindi yigitlardan javob kutib, ularga bir-bir qaradi.
— Yur, — dedi Kesakpolvon Gʻilayga, — bir narsa deb qoʻy.

Gʻilay unga ergashib, toʻdaga yaqinlashdi-da, Chuvrindiga qoʻl uzatdi:
— Gap yoʻq, okaxon, — dedi jilmayishga harakat qilib. — Akam «Bek akalaring bilan birga turinglar», deganlar. Boshqacha gap boʻlishi mumkin emas. Toʻgʻrimi? — u shunday deb yigitlariga qaradi.
— Gap yoʻq, — dedi Asadbek bilan birinchi koʻrishgan yigit. — Boshqalar ham tasdiq ishorasini qilib, Chuvrindi bilan koʻrishib chiqishdi.
— Endi shoshmalaring, bitta-bitta gaplashaman, — dedi Chuvrindi «bitim imzolash» marosimi yakunlangach. Asadbek boʻlajak suhbatda ishtirok etuvi shart boʻlmagani uchun iziga qaytdi. Kesakpolvonga «Yur» ham demadi, «Sen qol», ham demadi. Kesakpolvon bundan oʻzicha xulosa chiqarib, Chuvrindining yonida qoldi. Natijada «birga-bir» suhbatlashish fikri amalga oshmadi, suhbat «uchga-bir» tarzida boʻlib oʻtdi. Chuvrindi har yigitning zimmasidagi vazifasini soʻrab bildi. Oshiqcha soʻz aytmadi. Koʻrsatma ham bermadi. Kesakpolvonning esa bu suhbatdan koʻngli toʻlmadi. Oʻziga zarur sir ololmadi.

«Tomonlar orasidagi muzokara» yakun topgach, Chuvrindi Asadbekning topshirigʻiga koʻra Gʻilayga «Men bilan yurasan», dedi. Gʻilay bu amrga boʻysunmaganday Kesakpolvonga qaragan edi, u «Boraver, seni oʻzim topaman», degan ma’noda imlab qoʻydi.

Hamma tarqaganidan keyin ham Kesakpolvon «Yalta»da bir oz turdi. Boʻlib oʻtgan voqealarni u yana fikr tarozusi pallalariga qoʻydi. Buzuq tarozida narsa yuz tortilsin, ming tortilsin — bir xil raqamni koʻrsatib turgani kabi uning aql tarozusi ham yagona fikrni ta’kid etardi: Asadbek bilan Chuvrindining harakatlarida oʻziga qarshi holatni koʻrardi. «Hokimiyat» uzil-kesil Chuvrindi qoʻliga oʻtib, oʻzi chetlatilganday, hokimlik martabasi emas, mulozimlik balchigʻi tomon pasayayotganday tuyulardi.

«Osonlik bilan jon beradigan ahmoq yoʻq!»

Kesakpolvon shu qat'iy qaror bilan iziga qaytmoqchi boʻlib shart burildi-yu, ikki-uch qadam qoʻygach, katta it yetaklab kelayotgan yigitni koʻrib, sekinlashdi. Kechasi bir sidra qor yogʻib oʻtgan boʻlsa-da, hali qishning hukm oʻtkazishiga fursat bor, demak, it urushtirish mavsumiga hali sal ertaroq edi. Boʻribosarning kattaligidan egasi qayish yoki arqonga emas, zanjirga bogʻlabdi. Yigit maydon oʻrtasidan kelayotgan Kesakpolvonni sal chetlab:
— Aka, sal ehtiyot boʻling, odamga tashlab qoladigan odati bor, — dedi uzrli ohangda.
— Rosa yetkazibsan-ku, a? — dedi Kesakpolvon itga tikilib.
— Koʻz tegmasin, deb qoʻying, aka, — dedi yigit.
— Ha, ha, koʻz tegmasin. Hali yoshga oʻxshaydi, a? Bu yil birinchi marta qoʻyasanmi?
— Bultur ikki marta qoʻyganman.
— Yutganmidi?
— Yoʻq, juda yosh edi.
— Hozir zoʻri kimniki?
— Ahmadboy akamniki. Chempion-da.
— Bulturgi gapmi bu?
— Bu yil ham zoʻr. Oʻtgan oddix qoʻyishdi.
— Vaqtli boshlabsanlarmi bu yil?
— Odamlar sogʻinib qolishgan-da.
— Bugun qoʻymoqchimisan?
— Maslahatga qarayman.

Kesakpolvon yigit bilan gaplashib turganda Hosilboyvachchaning yigitlaridan biri unga yaqinlashdi.
— Haydarjon aka, ishqivozlik bormi? — dedi u itga ishora qilib.
— «Mi»sini olib tashlab gapir. Men koʻrgan kuchukvozliklarni koʻrish uchun yana yuz yil yashashing kerak. Keyingi paytlarda vaqt boʻlmadi. Boʻlmasa bitta qoʻymas edim.
— Bugun qoling boʻlmasa, zoʻrlari qoʻyiladi.
— Shuni aytyapsanmi?
— Buning gavdasiga ishonmang. Poʻk hali.
— Sen qaerdan bilasan?
— Bilaman-da... Tirikchilik shu yerda, akaxon, — dedi yigit miyigʻida kulib.
— Bu yer... senga qaraydimi? — dedi Kesakpolvon ajablanib.
— Ha... — dedi yigit aybdor boladay undan koʻzini olib qochib.

Kesakpolvon bu yer shu yigitga qaragani uchun ajablanmadi. Uning taajjubi boshqa narsaga boʻldi: bir vaqtlar Asadbek gullatgan bu joy qachon, qanaqasiga Hosilboyvachcha ixtiyoriga oʻtib qolgan ekan? Bu joyga xoʻjayinlik qilishga toʻla huquq ularning ixtiyorida boʻlgani holda nechun e’tiborsizlik qildilar? Buni Asadbek biladimi yo Mahmudning xabari bormi?
— Choʻtal yaxshi tushib turibdimi? — dedi Kesakpolvon shularni xayolidan oʻtkazib.
— Yomon emas.
— Sen faqat men bilan salom-alik qilasan, — dedi Kesakpolvon amr ohangida.
— Gap yoʻq, akaxon, dilimdagini aytdingiz, — dedi yigit itoat bilan. — Birpas qolasizmi?
— Qolaman. — Kesakpolvon shunday deb itga qaradi.
— Unga qoʻymang...
— Xuddi shunga qoʻyaman, — dedi Kesakpolvon oʻjarlik bilan. — Tavakkal: yo chikka, yo pukka. Sen ishingni bilib qilaver. Hozir kelaman.

Kesakpolvon tashlandiq bogʻ chetida turgan mashinasiga borib piyolaga toʻldirib konyak quydi-da, simirdi. Qaqshay boshlagan badaniga rohat yugurdi.

Yarim soat ichida bu yer gavjumlashdi. Ta’bir joiz boʻlsa, «ish kuni» boshlandi. Somsachilar, hasipchilar bugʻ oʻrlab turgan togʻoralarini qoʻydilar. Kabobchilar qoʻralarini oʻrnatdilar. Eski, pachoq «Zaporojets»ning yukxonasi ochildi. Butun mamlakat boʻylab ichkilikka qarshi kurash ketayotgan damda yukxonaga terilgan aroq-konyaklarni koʻz-koʻz qilish — qahramonlik namunasi edi. Agar biron kishi kelib, «Sen partiya qarorlarini nega buzyapsan?» desa u bamaylixotir ravishda «Bu yer partiyaga qaramaydi, partiyangning qarori koʻchaning nariga betida oʻtadi», deyishi mumkin. Agar da’vogar odam yuqori idoralar nomini oʻrtaga qoʻyib dagʻ-dagʻa qilsa, chorasi oson — ogʻzi bitta, nari borsa ikkita shisha bilan yopiladi. Shunda ham koʻnmasa, u holda Hosilboyvachchaning yigiti bilan ikki ogʻiz «shirin suhbat» quradi.

Somsachiga, hasipchiga, aroqchiga, xullas, hammasiga faqat shu yigitning soʻzi oʻtadi. Tomosha tamom boʻlgach, hammalari u bilan bir-bir soʻrashib, valine’matlik qilayotgani uchun minnatdorlik bildiradilar. Daromad moʻmayroq boʻlgan kunlari «otamsiz» deyishdan qaytmaydiganlar ham bor. Bugungi daromad haqida bashorat qilishga hali erta, lekin bir narsa aniq — salomlashish chogʻida yigit ularga xoʻjayin oʻzgarganini, shu bois «narx-navo» oshganini ma’lum qiladi. Ular noroziliklarini ichlariga yutganlari holda, shodiyonalik belgisi sifatida yana yuz soʻmdan «suyunchi» choʻzadilar.

Kesakpolvon yana bir piyolani boʻshatgach, somsachiga yaqinlashganda yigit paydo boʻldi.
— Zakkaz somsa, keling oka, gʻichcha yogʻ yeysiz, — dedi somsachi.

Kesakpolvon u uzatgan somsani olmoqchi edi, yigit uni nari boshladi.
— Bundan olmang, «oq qoʻy»ning yogʻi hammasi. Hasip yeya qoling.
— «Oq qoʻy»niki boʻlsa zoʻr-da, qonni koʻpirtiradi,— dedi Kesakpolvon.
— Qoʻying, akaxon, hasipdan yeng, egningizga shim bitib bunaqasini yemagansiz, — yigit tengdoshlariga aytib yuradigan hazilini yangi xoʻjasiga beixtiyor aytib yubordi-yu, choʻchib, tilini tishladi. Uning baxtiga Kesakpolvon bu ogʻir hazilga e’tibor bermadi. Toʻgʻri, bir gʻijindi, ammo «Mayli oʻzini menga yaqin olgisi kelyapti. Yaqin boʻlaversin, foydasi tegadi», degan fikr bilan javob qaytarmadi.

Hasip olindi, yeyildi. Hasipchi ulardan pul umid ham qilmadi.

Ular tamaddi qilib boʻlgunlaricha maydon atrofi odamlar bilan toʻldi. Eski «Zaporojets» atrofi, somsachiyu hasipchilar atrofi ham gavjumlashdi. Biri-biridan bahaybatroq itlar olib kelindi. Bunda it urushtirishga ishqivozlar ham, shu bahonada maishat qilib ketadiganlar ham bor edi.

Bir soatcha oldin muhim masala hal etilgan joyda endi itlar oʻz munosabatlarini oydinlashtirishlari lozim edi.

Janglarning koʻpini koʻrgan tajribali itlar raqiblariga bepisand qarab esnab qoʻyadilar. Ayrimlari betoqatlanadilar. Bu maydonga endi kelgan itlar esa zanjirlarini uzgudek boʻlib siltanib, vovullaydilar. Jang koʻrgan itlar esa ularga javob qaytarmaydilar, aksincha «Oʻpkangni bos», degandek qarab qoʻyadilar.

Odamlarning tayyorgarlik ishlari — ya’ni, kim qaysi itga qancha pul qoʻyishi aniq boʻlgach, oʻrtaga davraboshi chiqdi:
— Ahmadboynikiga kim qoʻyadi? — dedi u baland ovoz bilan. Soʻng izoh tariqasida qoʻshib qoʻydi: — «Chempion»ga kim qoʻyadi?

Tomoshabinlar «Oʻtgan yilning zoʻri hisoblangan «Chempion it»ga kim qoʻyar ekan?» degan mazmunda oʻzaro bahs boshladilar. Bahslar nihoyasiga yetmay turib, oʻrtaga Kesakpolvonga ma’qul boʻlgan itni yetaklab chiqishdi. Soʻng maydonda «Chempion» koʻrindi. U aytarli bahaybat emasdi, siltanmasdi, vovullamasdi. Boʻyinbogʻi zanjirdan emas, oddiy arqondan edi. U raqibiga qarab «Vajohating zoʻr-ku? Lekin men senday poʻklarning koʻpini koʻrganman», deganday oʻtirib oldi. Uning bu qiligʻi ba’zi tomoshabinlarga yoqib, ba’zilariga yoqmay qiyqirib, hushtakbozlikni boshlab yubordilar.

Davraboshi ishora qilgach, avval «Chempion»ning boʻyinbogʻi, keyin raqibning zanjiri yechildi. U oʻljasini bir soniyada yanchib tashlash maqsadida yugurdi. «Chempion» esa joyidan jilmadi. Faqat raqibi yaqinlashganda chaqqonlik bilan oʻzini chetga oldi. Oʻzini toʻxtatolmagan raqibi gangib yiqilgach, bir sakrashda boʻynidan tishlab, bulgʻalay boshladi. Bahaybat itning egasi kelib, uni ajratmoqchi boʻldi. Tamoshabinlar norozilik bilan «Qoch, qoʻyib ber!» deb baqirdilar. Oʻrtada Hosilboyvachchaning yigiti paydo boʻlgach, «Chempion»ning egasi itini ajratib oldi. Bunday hol bir necha marta takrorlandi. Bundan «Chempion» charchadimi yo oraga gʻirrom aralashganini sezib urushgisi kelmay qoldimi, harholda soʻnggi safar sergakligini yoʻqotdi — raqibi uning naq jagʻidan tishlashga ulgurdi. «Chempion»ning egasi itini ajratib, magʻlub boʻlganini ma’lum qilgach, norozi xitoblar kuchaydi. «Chempion»ga ishonib pul tikib, endi yutqizgan ishqibozlar it egasini baralla soʻka ketdilar. It egasi atrofga xavotir bilan alanglab qoʻyib, «Chempion»ni — endi sobiq chempionni yetaklab davradan chiqdi. Shu chiqish asnosida bir-ikki musht, orqasiga bir-ikki tepki yesa-da, boshini xam qilganicha jim ketaverdi. Katta tikkanlar oʻyinga kim aralashganini anglab indamadilar. Boʻlmasa it egasi bir-ikki tepki bilan qutulmas edi.

Kesakpolvon ixtiyor qilgan edi, bu yerning qoidalarini ham oʻzgartirib yubordi. Agar uning xohishi bilan bahaybat it oʻrniga laycha qoʻyilganida ham «Chempion»ni yutardi. «Chempion»ning orqasida turgan katta kuchlar shunda ham damlarini ichlariga yutib qolaverar edilar. Kesakpolvon bu holatdan mamnun boʻldi. Bir necha soat ilgari koʻnglini bosgan gʻubor bir oz tarqadi.

Mashinasiga oʻtirayotganida yigit kelib choʻntagiga bir dasta pul soldi.
— Kerakmas, — dedi Kesakpolvon, — bugungi daromading — oʻzingniki.
— Bu daromadmas, akaxon, happai halol oʻzingizning yutugʻingiz.
— Bu joy oʻzingniki, birov gʻing desa — menga aytasan.
— Rahmat, akaxon.
— Oting nima?
— Ramz.
— Boʻpti, ishingni qilaver.

Mashina uzoqlashgunga qadar ham Ramz qoʻl qovushtirib turdi.

Avvalgi
I- qism
 



  1. Mazmuni budir: «Odamlar orasida oʻzi bilmagan holida Olloh xususida mujodala qiladigan va har bir itoatsiz shaytonga ergashib ketaveradigan kimsalar ham bordir. U (shaytonga esa) oʻzini doʻst tutgan kimsani, albatta, yoʻldan ozdirish va doʻzax azobiga yoʻllash yozib qoʻyilgan — hukm qilingandir».
  2. «Ey jinoyatchi kimsalar, mana bu kunda (moʻ’minlardan) ajralinglar! Men sizlarga: «Ey Odam bolalari, shaytonga ibodat qilmangiz, chunki u sizlarga ochiq dushmandir. Mengagina ibodat qilinglar! Mana shu toʻgʻri yoʻldir», deb buyurmaganmidim? Aniqki, (shayton) sizlarning ichingizdan koʻp avlodni yoʻldan ozdirdi. Axir aql yuritguvchi boʻlmadingizlarmi?! Sizlarga va’da qilingan jahannam mana shudir!
  3. Ma’nosi budir: «Agar birortangizga ne’matlar ketma-ket kelaversa, bas, ul kishi oʻz holigʻa yigʻlasin. Chunki u yaxshi odamlar yoʻlidan yurmayotgan ekan».
  4. Mazmun budir: «Darhaqiqat inson oʻzini boy-behojat koʻrgach, albatta tugʻyonga tushar yo haddidan oshar». («Alaq» surasi, 6-7-oyatlar. Alouddin Mansurning ma’no tarjimasidan.)